* * *
O‘sha direktorimizni hali-hanuz hurmat qilaman. U odam juda oriyatli, og‘ir-bosiq, manmanligi yo‘q, gina saqlamaydigan edi. Ammo uning bittagina aybi bor edi — xodimlariga rag‘bat berishni bilmasdi. Ha degani tuyaga mador, deganlariday, mehnat qilayotgan odam rahbarning ko‘ziga mo‘ltirab turadi. Men ishonchni oqlayapmanmi, yo‘qmi, shu kasbga yaroqliligim atrofga sezilayaptimikin deb yuragi g‘umillab yuradi. Alloh maqtovni sevadi, degan gaplarimiz bor, Yaratgangaki maqtov yoqsa, bandasiga yoqmaydimi? Qur’oni karimda "œbir-biringizdagi fazilatlarni sezganingizni bir-biringizga sezdiringiz" degan joyi bor ekan. Bu qutlug‘ "œsezdi-
rish"dir, chunki u insonni o‘ziga ishontiradi, zahira ilhomlari, quvvatlari uyg‘onadi. Qarabsizki, bir harakati ikkiga aylanib, faoliyati jadallashadi. Axir bu taraqqiyot degani-ku!
Bir kuni direktor chaqiryapti, deyishdi. Xonasiga kirsam, allanarsa yozayotgan ekan. Meni ko‘rgach, befarqqina qarash qildi-da:
— Ha, keldingizmi, mana bu sizga ekan, — deya qizil jildli narsani "œtap" etkizib stol-
ga tashladi va yana boyagiday yozishga tutindi.
Olib chiqib qarasam, Xalq ta’limi vazirligining zarhal harflar bilan yozilgan "œFaxriy yorlig‘i" ekan. Insonchilik — nuqsonchilik-da, ba’zan qonimizda izzattalablik ko‘pchib turadi: rahbarning bu ishi menga hurmatsizlikday tuyuldi. Yuragim yig‘laganday bo‘ldi, to‘g‘risi, yig‘ladi ham!
Turgan gapki, bu mukofotga meni rahbarning o‘zi tavsiya qilgandir, ha mundog‘ bir ochiq chehra bilan, "œxudo xayringizni bersin, mana bu sizning xizmatingiz uchun" deb topshirsa yarashmabdimi?!
Shunday paytlarda qadringni qidirib qolarkansan. Mana shunaqa rahbarlar qo‘lida tashabbuslar o‘ladi, g‘ayratlar so‘nib, bor narsa ham yo‘qola boradi!