forum.ziyouz.com

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => O'zbek nasri => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 31 Yanvar 2007, 07:19:03

Nom: Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)
Yuborildi: AbdulAziz 31 Yanvar 2007, 07:19:03
Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov

(http://www.ziyouz.com/images/books/humoyun_akbar.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=3)

Muallif: Pirimqul Qodirov
Hajmi: 1,16 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=3)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1124.0)
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:24:12
Pirimqul Qodirov

HUMOYUN VA AKBAR
(Avlodlar dovoni)

Tarixiy roman

(http://ziyouz.com/rasmlar/literature/humoyun_akbar.jpg)


Birinchi qism: HUMOYUN

A G R A
HAMIDA BONU AROSATDA
[/size]

Hijriy 935-yilda* Agraga ko‘chib kelgan Xonzoda begim o‘n yildan beri Hindistonda istiqomat qilayotgan bo‘lsa ham, hanuzgacha bu yerdagi yil fasllari¬ning g‘aroyibligiga o‘rganolmaydi. Uning nazarida, Agra¬ning kuzi va qishi yo‘q, bahori bilan yozi esa yil bo‘yi davom etadi. Kech kuzda, begimning yoshligi o‘tgan Farg‘ona vodiysida, daraxtlar bargini duv to‘kadigan xazonrezlik paytida Agraning yam-yashil xurmozorlari xuddi yozdagidek meva berib turadi. Qishda, Samar¬qandning moviy gumbazlari oppoq qor bilan beza¬nadigan paytda Jamna bo‘ylarida donli ekinlar boshoq tortadi, toklar esa gulga kiradi. Xut oyining oxirida Toshkentda qish qirovlari endi tugaydigan kezda Hin¬distonning janubida ertaki uzumlar pishadi. Navro‘z kirganda esa bozorga yangi qovun chiqadi va hind dalalarida arpa o‘rimi boshlanadi.
Agradagi Zarafshon bog‘ida baland gulmohur daraxtlari bor. Bu daraxtlar navro‘z arafasida butun barglarini birdan to‘kadi-yu, novdalaridagi shig‘il g‘unchalar birvarakayiga ochiladi. Shunda yaproqsiz novdalarning hammasi yirik-yirik qizil gullar bilan qoplanadi. Ulkan gulmohur daraxtlari qip-qizil gul¬xanlarga o‘xshab ko‘zni yondiradi. Shuning uchun bu ajoyib daraxtni olovli mohur ham deyishadi.
Mana shu gulmohurlar yonidagi tillakori tolorda* yoshi oltmishlardan oshgan, sochlari oqarib, jussasi kichik bo‘lib qolgan Xonzoda begim xomush bir qi¬yofa bilan yolg‘iz o‘ltiribdi.
Bog‘ juda orasta, yo‘lkalarga oltinrang qumlar solingan, marmar ariqlardan tiniq suvlar jildirab oqa¬di. Chorchamanlarda mamlakatning eng noyob gullari muattar hid taratib ochilib turibdi. Lekin bu hammasi Xonzoda begimga juda omonat tuyuladi. Inisi Bobur qonli janglarda barpo etib ketgan ulkan davlat hanuzgacha hind yeriga teran ildiz otolgan emas. Fotihlik qilichining yaralari tezda tuzalmas ekan. Mamla¬katning turli o‘lkalarida Humoyun va uning inilariga qarshi ketma-ket isyonlar bo‘lmoqda. Shu xatarli vaziyatda og‘a-inilar inoq bo‘lish o‘rniga bir-birlari bilan chaplashib, hokimiyat talashadilar. Xonzoda begim ularni murosaga keltirolmay qiynaladi. Hozir bog‘da o‘ltirgan paytida ham, butun xayoli og‘a-inilarning nizolaridan beri kelmaydi.
Begimning parishon nazari tushib turgan ko‘ka¬lamzor maydonda esa bir to‘p otliq qizlar chavgon* o‘ynamoqda. Ular Xonzoda begimday mashhur kayvoni o‘yinga qarab turganidan ruhlanib, jon-jahdlari bilan chavgon to‘pini muxoliflar darvozasiga kiritishga intiladilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:24:33
Bir taraf darvoza bo‘z otliq qizlar himoyasida. Qora otliqlarga ikkinchi darvoza berilgan. O‘yinchilarni farq qilish oson bo‘lishi uchun bo‘z otliq qizlar sariq rangli cholvor va nimcha kiyishgan. Qora otliqlar esa qizil kiyimda.
Hindol mirzoning yoshgina xotini Sultonim begim maydon atrofida saman otini yo‘rttirib, o‘yinga hakamlik qiladi. Uning qo‘lida zargarlar bulbulga o‘xshatib chiroyli qilib yasagan oltin hushtak. Qoidani buzganlar shu hushtak bilan ogohlantiriladi.
Bir payt to‘p bo‘z otliqlarning darvozasiga kiritildi-yu, o‘yinning shiddati oshib ketdi. Xonzoda begim chavgoncho‘plarning bir-biriga shaq-shuq urilayotganini, bo‘z otliqlar juda qattiq hujumga o‘tganini ko‘rganda, «biron kor-hol bo‘lmasin tag‘in», deb beixtiyor xavotirlandi. Bu xavotirlik endi uning e’tiborini o‘yinga tortdi.
Tapir-tupur ot chopayotganlar — bo‘y yetgan xushro‘y qizlar. Ularning orasida Gulbadan begim ham bor. Qizlarning hech biri Xonzoda begimning ko‘zi oldida mag‘lub bo‘lib, uyalib qolishni istamaydi, hammasi to‘pni boshqalardan tortib olishga intiladi. Shunda otlari bir-biriga urilib, ayqashib ketadi, goho biron ot urilish zarbidan gandiraklab yiqilgudek bo‘ladi. Bu qaltis holatlar Xonzoda begimni iztirobga sola boshladi.
Axir bu qizlar eng nufuzli bek-u a’yonlarning oilasidan. Agar birontasining yuz-ko‘ziga chavgoncho‘p tegib yarador qilsa, chandiq qoldirsa yoki birontasi otdan yiqilib, tuyoq tagida ezilsa mutaassib shayxlar yana fisq-u fasodni ko‘paytiradi. Ular qizlarning doim parda ichida — uy asirasi bo‘lib o‘ltirishini talab qiladilar. Lekin parda ichida xonanishin bo‘lib beha¬rakat yashaydigan ayollar notavon va mo‘rt bo‘lishini, baquvvat nasl berolmasligini Xonzoda begim yaxshi biladi. Begim bilan birga bu yerlarga kelgan el-ulusning qizlari esa qadimdan otliq yurib o‘rganganlar. Hozir ham Xonzoda begim biladigan ayollarning bir yerda muqim turadiganlari oz. Erlar qatori ayollar ham hali Xurosonda, hali Kobulda yashaydilar, hali Badax¬shonga ketib, hali Agraga keladilar. Bu uzoq o‘lkalar orasida ikki-uch oylik yo‘llarni ko‘pgina qizlar otliq bosib o‘tadi. Taqdir taqozosi shundoq bo‘lgach, ota-bobolar udumi bo‘yicha qizlarni ham yoshligidan chavandozlikka o‘rgatish, ular orasida ham poygalar, musobaqalar o‘tkazish joiz emasmi? Albatta, qizlarni otdan yiqilish-u mayib bo‘lishdan ham ehtiyot qilish kerak!
Xonzoda begim shuni o‘ylab, o‘yinni hayajon bilan kuzatgani sari qizlar xavf-xatarni unutib, to‘daga dadil tashlanishar, qamchi o‘rniga chavgoncho‘p bilan ot¬la¬ri sag‘risiga urib, muxolif tomonga hamla qilishardi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:24:46
Bo‘z otliq qizlardan Hamida degani o‘yinchilar g‘ij-bij bo‘lib turgan to‘daga o‘qday yorib kirdi-yu jilovni qo‘yib yubordi. Chavgoncho‘pni ikki qo‘llab tutganicha, uzangiga oyog‘ini tiradi-da, uloqchilardek pastga engashdi. Bu qiz qoplon kabi chaqqonlik bilan to‘pni chavgoncho‘pga ilintirib to‘dadan olib chiq¬qanda, Xonzoda begimning zavqi kelib «o!» deb yubordi. Narigi darvoza himoyasiz qolgan edi. Hami¬da «go‘y» deb ataladigan to‘pni o‘sha tomonga chir-pirak qilib olib o‘tdi. Uning oti ham shamolday uchmoqda edi. Qora otliqlar quvib yetganicha bo‘lmay, Hamida bonu to‘pni darvozaga shunday chapdastlik bilan urib kiritdiki, buni ko‘rgan Xonzoda begim:
— Balli, sherqiz! — deb qarsak chaldi.
Otini burib orqaga qaytayotgan Hamida bonu Xonzoda begimning so‘zini eshitmagan bo‘lsa ham, uning qarsak chalganini ko‘rib, o‘zida yo‘q suyundi.
Tillakori tolorda o‘ltirgan begimning jussasi kich¬kina ko‘rinsa ham, Hamida bonu uchun ayol zoti orasida undan salobatlisi va qudratlisi yo‘q. Sultonim begim Hamidaga yaqin kelib:
— Eshitdingizmi? — dedi. — Hazrat onam sizga «sherqiz!» deb tahsin aytdilar.
— Chindanmi, a?
— Men ham eshitdim! — dedi bo‘z otliq Gulbadan begim.
Hamida bonu hayajon ichida otini tolor tomonga burdi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Xonzoda begimga qulluq qildi.
Bu kayvoni begimning boshidan qanday dahshatli fojialar kechganini Hamida yaxshi biladi. O‘ttiz to‘rt yoshida beva qolgan va yolg‘iz o‘g‘li Xurramshohdan judo bo‘lgan Xonzoda begim keyinchalik Sultonimni farzandlikka olgan. Sultonim aslida andijonlik me’mor, mavlono Fazliddinning jiyan avlodidan edi. Qizcha ikki yasharligida ota-onasi vaboga uchrab o‘lib ketishgan, mavlono ularga juda qattiq kuygan edi. Voqeadan xabar topgan Xonzoda begim mav¬lononing hurmati uchun ikki yashar Sultonimni o‘ziga qiz qilib oldi, unga butun mehrini berib, o‘n to‘rt yil tarbiyaladi. Bultur jiyani Hindol mirzoning Sultonimga ko‘ngli borligini sezib, Humoyunning maslahati bilan ularning to‘ylarini o‘tkazdi. Bu to‘y shunchalik katta bo‘ldiki, unga borgan mo‘tabar begimlarga obu oshdan tashqari kumush barkashlarda bir siqimdan oltin tangalar tortildi. Har bir begim siqimiga siqqanicha oltin olganini, boshqa yoshroq qizlar orasiga oltin-kumush tangalar sochqi tarzida sochilganini Hamida bonu o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Oyog‘i tagiga kelib tushgan bitta oltin tangani u ham yaxshi niyat bilan esdalikka olib qo‘ygan.
Uni to‘yda eng hayron qoldirgan narsa shu ediki, davlat boshlig‘i bo‘lgan Mirzo Humoyun o‘sha kuni to‘yxonaning baland joyiga qo‘yilgan hashamatli shohsupada Xonzoda begimni o‘z yoniga o‘tqazib, uni podshoga tenglashtirib e’zozladi. Bu voqeani ko‘rgan keksalar: «Musulmon podsholarining kamdan kami ayol zotining hurmatini bu darajada baland ko‘targan», deb hali ham aytib yuradilar.
Hamida bonu uchun shunday bir qo‘l yetmas balandlikda yurgan Xonzoda begim endi uning chavgon o‘ynashiga qiziqishi, yana «sherqiz!» deb tahsin aytishi kutilmagan bir baxt bo‘lib tuyuldi. Bu baxtdan Hamidaning vujudiga yangi kuchlar quyulib kela boshladi. U har to‘p urganda bilagida sherning ku-chini sezganday bo‘lar, tagidagi bo‘z oti ham maydon bo‘ylab o‘qday uchardi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:24:56
Tolorda o‘ltirgan Xonzoda begim Hamida bonu bilan o‘zining orasida alohida bir e’zoz va qiziqish kuchayib borayotganini sezib turardi. Hamida uning e’tiboridan ruhlanib yaxshi o‘ynagani sari Xonzoda begimning dili ham yayramoqda edi. Boyagi og‘ir o‘ylar, vujudini bo‘shashtirgan keksalik charchoqliklari esidan chiqib, ularning o‘rnini yorug‘ bir zavq egallamoqda edi...
Hamida bonu muxoliflari darvozasiga ikkinchi marta to‘p kiritganda Xonzoda begim bu qizga butunlay mahliyo bo‘lib qoldi. Hozir bo‘z ot ustida Hamida emas, yoshlikdagi Xonzoda begim o‘ltirganday tuyuldi. Begimning ko‘zi oldida o‘n olti yashar qizlik paytlari gavdalandi. Uzoqlarda qolib ketgan Andijon, Qoradaryo bo‘yidagi chorbog‘, o‘n bir yoshlik o‘spirin inisi Bobur mirzo... va uning mulozimlari bilan chavgon o‘ynagan chavandoz kiyimidagi go‘zal qiz Xonzoda... Bu hammasi bulutlar orasidan yarq etib ko‘ringan oftob bo‘lib begimning qalbini yoshlik nurlariga to‘ldirdi...
Xonzoda begimga go‘yo yoshligini qaytib bergan bu qiz kim ekan? Begim uning Gulbadan va Sultonim bilan birga yurganini ilgarilari ham ko‘rgan, lekin ko‘pda e’tibor bermagan edi. Endi u bilan yaqindan tanishgisi keldi-yu o‘yin tugagandan keyin kanizini yuborib, Hamida bonuni tolorga chaqirtirdi.

_________
* Hijriy 935-, milodiy 1528-yilga to‘g‘ri keladi.
* T o l o r — yozlik shiypon.
* Ch a v g o n — ot minib o‘ynaladigan va ba’zi jihatlari chim xokkeyni eslatadigan qadimiy o‘yin.
* * *
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:25:21
* * *

Kechki dim havoga o‘yinning tafti qo‘shilib, Hamida bonu bo‘g‘riqib ketgan, qora qoshlarining ustida ter munchoqlari yiltirar edi. Podsho darajasida mashhur bo‘lgan Xonzoda begimning oldiga cholvor kiyib, terlab-pishib borish Hamida bonuga joiz emasdek tuyuldi. U kanizga:
— Bir lahza muhlat bering, kiyimlarimni almashtirib kelay! — dedi.
— Yo‘q, hazrat begim sizni shu kiyimda taklif qildilar! O‘zlari ham yoshliklarida chavgon o‘ynaganlar. Ko‘p andisha qilmang, yuring!
Hamida kanizga ergashib tolor tomon borar ekan, ipak durra bilan tang‘ib chambar qilingan ikki o‘rim uzun sochlarini yelkasiga tushirdi. Durraning uchi bilan qoshi ustidagi ter rezalarini artdi.
U tolor zinapoyasidan ko‘tarilayotganda Xonzoda begim o‘rnidan turib, unga tomon yurdi. Hamida bonu uch-to‘rt qadam narida to‘xtab kelinlarday egilib ta’zim qildi. Xonzoda begim unga kulimsirab yaqinlashdi-da, qo‘l berdi. Odatga binoan, Hamida bonu uning qo‘lini ikki qo‘llab oldi-yu, bir tizzasini yerga tirab, bayroqni o‘pgandek ixlos bilan o‘pdi. Qiz boshini eggan paytda yo‘g‘on qora socharining biri yelkasidan sirg‘alib ko‘kragiga tushdi.
Xonzoda begim ikkinchi qo‘li bilan uni belidan quchib sekin tikka turg‘izdi va zarbof ko‘rpachaga taklif qildi.
Shu orada Sultonim begim ham tolorga chiqib keldi. Begimlar to‘rga o‘tib o‘tirganlaridan so‘ng Ha¬mi¬da bonu oyoqlarini taqimi ostiga olib, odob bilan cho‘kkaladi. Shunda uzun sochlarining jingalak qilingan uchlari ko‘rpacha ustiga tushdi. Qiz har qimirlaganda sochlarining uchi zarbof ko‘rpachani supura¬yotganday bo‘lar va Xonzoda begimga alohida bir zavq berar edi. U Hamidani g‘alaba bilan muborakbod qilgandan keyin, kimning qizi ekanini va Agraga qayerlardan kelganini so‘ray boshladi.
Hamidaning otasi faqih* Mirbobo Do‘st asli toshkentlik edi, Shayboniyxon qirg‘inlarida Xuro¬son¬¬ning Jom shahriga kelib qolgan va shu yerlik qizga uylangan edi. Keyinchalik u Bobur mirzodan panoh istab Jomdan Kobulga ko‘chib boradi. Boburning suyukli xotini Mohim begim ham jomlik bo‘lgani uchun Hamidaning onasi hamshahariga orqa qilib avval uning huzuriga kiradi. Keyin Mohim begimning tavsiyasi bilan Mirbo¬bo Do‘stni Bobur qabul qiladi. Bobur unga fikh ilmidan savollar berganda, Mirbobo Do‘st arabcha-forscha bitilgan qonun-qoidalardan tashqari, turkiy tilda yozilgan «Mubayyin»dan ham ko‘p misollar keltirdi. Boburning bu she’riy kitobini u boshdanoyoq yod bilar edi. Mirbobo Do‘st bolalarga faqat qo¬nun¬shunoslikdan emas, tarix, mantiq va ada¬biyotdan ham yaxshi dars berishi mumkinligini sezgan Bobur uni kichik o‘g‘li Hindol mirzoga muallim qilib tayinladi, shundan beri bu oilaning butun taqdiri Hin¬dol mirzoga bog‘liq bo‘lib qoldi. Hindol Badaxshonga borganda bular ham borishdi, Agraga kelganda bular ham birga kelishdi. Shu uzoq yo‘llarda Hamida kichikligidan ot minishga o‘rgandi va chavandozlikni mashq qildi. Hozir Mirbobo Do‘st Hindol mirzoning qonunshunoslik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. Maoshi durust bo‘lsa ham, ikki o‘g‘il, bir qizni bekzodalar kabi kiyintirishga, besh-oltita ot, uch-to‘rtta xizmatkor asrashga yetmaydi. Shuning uchun Hami¬daning onasi Hindol mirzoning haramida qissaxon bo‘lib xizmat qiladi. Sultonim begimga mashhur dostonlar va hikoyatlardan o‘qib beradi-yu, buning evaziga durustgina in’om va ulufa oladi. Hami¬daning o‘zi ham Sultonim begimning tengdosh nadimalari qatorida yuradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:25:32
Xonzoda begim bu tafsilotlarni Sultonimdan va Hamidaning o‘zidan eshitgan sari bir narsadan taaj¬jublanib qo‘ydi. Butun borlig‘idan latofat yog‘i¬lib turgan shunday qiz o‘z dargohlarida yurgan ekan-u haligacha nechun unga durustroq bir e’tibor beri¬shmabdi?
Xonzoda begim chavgonni yaxshi o‘ynaydigan boshqa chavandoz qizlarga latofat yetishmasligini, ba’zilari erkakshoda bo‘lishini biladi. Hamida bonu cholvor kiyib o‘ltirgan bo‘lsa ham, chavandozlik ki¬yimlari uning ingichka belini, bo‘liq ko‘kraklarini, novdaday egiluvchan yosh tanining kuchga to‘liq nafosatini behad go‘zal qilib ko‘rsatadi. Yo‘g‘on soch o‘rimlarining nozik bo‘yin ortida to‘lg‘anib turishi Xonzoda begimga zavq berdi:
— Hamida bonu, sizni ko‘rib bir bayt she’r yodimga tushdi. Aytaymi?
— Ayting, hazrat begim, jon qulog‘im bilan eshitgaymen!
— O‘zi asli shu bog‘da bitilgan. Rahmatli inim Boburning gazalidan:

Gul jamolin yopqon ul gulning ikki rayhonidur.
G‘uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur.

Hamida bonuning ko‘zlarida yulduzlar charaqlab yonganday bo‘ldi. Lablari tabassum bilan ochilib, uning ichki sirini — bu she’rni yaxshi bilishini va yoqtirishini sezdirib qo‘ydi.
— G‘azalning davomini siz ayta qoling! — dedi Xonzoda begim.
Hamida iboli ko‘zlarini yerga tikib:
— Mubolag‘a qilsam ma’zur tuting, hazrat be¬gim,— dedi.
So‘ng aruzning nafis qoidalarini o‘rniga keltirgan holda o‘sha g‘azaldan ikki satr aytdi:
Sel emasdur yer yuzin tutkon ko‘zimning yoshidur,
Ra’d emasdur* ko‘kka chirmoshqon ko‘ngul afg‘onidur.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:25:44
Xonzoda begim xandon urib kuldi-yu:
— Bu so‘zlar siz uchun chindan ham mubo¬lag‘a!— dedi. — Yer yuzin tutqon ko‘z yoshlaridin tangrim sizni asrasin!
Xonzoda begim o‘z ko‘nglida esa: «Nechun Humoyun haligacha bu qizni ko‘rmabdir?» deb taaj¬jublanib qo‘ydi. Chunki bir vaqtlar Boburni qiynab, fig‘onini ko‘kka chirmashtirgan quyunlar hozir Humoyunning atrofida aylanib yuribdi. Boburning-ku Mohim begimdek dono xotini bor edi, oila orqali keladigan ko‘p balolarga shu sadoqatli ayol balogardon bo‘lar, farzandlarini ham otaga ixlosmand qilib tarbiyalagan edi. Humoyunning esa xotin jo‘nidan hech baxti ochilmayapti. Uni o‘n sakkiz yoshidayoq tog‘asi Yodgorbekning Beka begim degan qiziga uylantirishgan edi. Kiborlar jamiyatida o‘sgan bu qizda nafis bir chiroy bor-u, ammo onalik uquvi yo‘qmi yoki yaqin qarindoshlar oila qursa nasli kasalmand va zaif bo‘ladi, deganlari rost ekanmi? Beka begimdan bir emas, ikki o‘g‘il tug‘ildi-yu, yoshligidayoq o‘lib ketdi. Shohlik udumiga binoan Humoyunning merosxo‘r o‘g‘li bo‘lishi kerak. Uni yana ikki marta uylantirdilar. Humoyunning o‘zi ham yor tanlashda adashyaptimi, xullas, uch xoti¬nidan birontasi unga munosib bo‘lib chiqmadi. Humoyun o‘ttizga kirdi. Hamon o‘g‘ilga zor, xotinlaridan esa ko‘ngli yarimta. Amir-u umarolari uni may bazmlariga tortadi. O‘tgan kuni kechki payt Humo¬yun Xonzoda begimni ko‘rgani kelganda ancha kayfi bor edi. Kayfning dadilligi bilan ammasiga ichini yorib hasrat qildi:
— Tole’im yo‘q ekan! Mamlakat to‘la qiz, tangri mening peshonamga birorta oqila-yu fozilasini bitmagani g‘alati!
Xonzoda begim Hamida bonuning sehriga berilib, uning g‘azal o‘qishidan zavq qilayotgan paytda Humoyunning shu hasrati yodiga tushdi-yu, ikkovini yonma-yon qo‘yib tasavvur etdi. Humoyun ham ko‘hlik yigit, janglarda botirlik ko‘rsatib dong‘i ketgan, uni kuyov qilish orzusida yurgan sulton-u vazirlar ko‘p. Ularning podshoga qaynota bo‘lgilari kelib yurganda Mirbobo Do‘stday oddiy mulozimga yo‘l bo‘lsin! Bundan tashqari, Hamidaning o‘zi uch xotinlik Humoyunga tegishni istarmikin? Balki uning boshqa biron ko‘ngil bergan yigiti bordir? Xonzoda begim she’r bahsini davom ettirib, Hofizdan, Deh¬laviydan, Navoiydan goh forsiy, goh turkiy tilda baytlar keltirar ekan, bularning ko‘pi Hamida bonuga tanish ekanini, qiz juda farosatli va bilimli bo‘lishdan tashqari, ishqiy g‘azallarga alohida mayli borligini sezdi. So‘ng yarim hazil, yarim chin ohangda so‘radi:
— Sizga atab she’r bitgan oshiq yigitlar ham bordir, Hamida bonu?
Hamida iymanib bosh egdi-yu, yerga ko‘z tikdi.
Shunda Sultonim begim Hamidaga oshiq bo‘lib she’riy maktublar yozgan bir bekzodaning tarixini onasiga aytib berdi. Junaid barlos nomli ulkan amir¬ning o‘g‘li bo‘lgan bu bekzoda Hamidaga sovchi ham yubordi. Lekin Hamida uni xushlamas edi, oxiri Hindol mirzodan himoya so‘radi. Kichikligidan o‘z dargohida o‘sgan Hamidani avaylab yuradigan Hin¬dol mirzo bekzodaning otasi bilan gaplashib, boshqa maktub ham yozmaydigan, sovchi ham yubormaydigan qildi.
Xonzoda begim Hamidaning tutgan yo‘lini ma’qullab:
— Shoshmaganingiz ham ma’qul, — dedi. — Inshoollo, sherqizga munosib arslon yigit uchrab qolgay.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:25:59
Begimning ko‘pni ko‘rgan tajribali ko‘zlari Hami¬daga umid bilan tikilmoqda edi. Xonzoda begim uzoq umri davomida Shayboniyxon-u shoh Ismoil¬dan tortib temuriy tojdorlargacha qancha-qanchasi¬ning oilaviy hayotlarini yaqindan ko‘rdi, ne-ne mashhur malikalarning toj-u taxt balolariga bardosh berolmay shikast yeganlariga guvoh bo‘ldi. Hamidaning husniga yarasha aqli ham yetuk, vujudidan kuch yog‘ilib turibdi. Humoyunning ichki va tashqi ziddi¬yatlarga to‘lgan mashaqqatli hayotiga balki shu qiz¬ning bardoshi yetar? Balki ular orzu qilgan o‘g‘ilni shu qiz tug‘ib berar? Xonzoda begim ularni qanday qilib bir-biriga yaqinlashtirsa ekan? Navro‘z kunlarida Hu¬moyun kema sayriga ayollarni ham taklif qilgan. Xonzoda begim Sultonimga yuzlandi:
— Qizim, bugun chavgon o‘ynagan dugonalaring bilan mashqni davom ettiringlar. Mirzo Humoyunni kema sayridan so‘ng shu boqqa taklif etgaymiz. Ha¬midalar qanday chavgon o‘ynashini hazrat bir ko‘r¬sin¬lar. U kishi bunday tomoshaga juda ishqi¬bozlar.
Hamida podshoning ko‘zi oldida ot chopib o‘ynashini tasavvur qildi-yu, birdan vahmi keldi:
— Hazrat begim, men qo‘rqamen!
Xonzoda begim kuldi:
— Buncha qo‘rqmang, ertaga siz ham biz bilan kema sayriga borursiz. Hazratimni yaqindan ko‘rsangiz vahimangiz bosilib qolgay. Keyin yaxshi otlarga minib mashq qilgaysiz.
Xonzoda begim kaniziga tomon o‘girilib:
— Otbegiga ayting, chavkarni oltin anjomlari bilan olib kelsin! — deb buyurdi.
Sultonim onasiga hayron bo‘lib tikildi. Xonzoda begim Iroqdan keltirilgan chavkar otni o‘zi uchun ikki ming rupiyga sotib olgan edi. Bu pulga oddiy otlardan o‘ntasini beradi. Nahotki endi uni Hami¬daga in’om etsa? Xonzoda begim qizining ko‘zlaridagi hayratning sababini sezdi-yu:
— Mening boshqa otlarim bor, — dedi, so‘ng jilovdor yetaklab kelgan chavkar otni oltin anjomlari bilan birga Hamida bonuga in’om qildi.

___________
* F a q i h — qonunshunos.
* R a ’ d — yashin va momaqaldiroq.
* * *
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:26:10
Bu voqea og‘izdan og‘izga o‘tib, Hamidaning ota-onasiga ham ma’lum bo‘ldi, Qizlariga Xonzoda begimning nazari tushgani, erta-indin Hamidani Humoyun mirzo saroyiga taklif etmoqchi bo‘lisha¬yotgani ularga tolening kulib boqishidek tuyuldi. Chevarlikdan xabari bor ona bugundan boshlab Hamida uchun qimmatbaho atlas-u muslinlardan yangi kiyimlar tikishga tushdi. Lekin bu ishlardan qizning o‘zi bezovta bo‘lardi. Axir Hamida Humo¬yunning go‘zal xotini Beka begimni, olti yashar qizchasi Aqiqani ko‘rgan. Oilali, farzandli yigitga xomtama bo‘lish... Yo‘q, yo‘q, Hamida buni o‘ziga mutlaqo ravo ko‘rmaydi! Hamida ixlos qo‘ygan shunday ulug‘ Xonzoda begim nahotki uni kundoshlik azobiga loyiq deb bilsa? «Balki ko‘ngil bergan yigitingiz bordir?» deb so‘radi-ya. Hamida uyalib «yo‘q» degani uchun endi o‘zidan ham norozi bo‘ldi. «Bor» deya qolsa osonroq qutulmasmidi? Ammo «kim?» deb so‘rasalar qanday javob beradi? Eshkak¬chi yigit Nizomga ko‘ngli borligi... Rostmi? Buni hali o‘zi ham aniq bilmaydi-ku, qanday aytadi? Arosatda qolganday iztirob cheka¬yotgan Hamida bonu bog‘¬ning narigi chetidan limillab oqib o‘tayotgan Jamna daryosining sohiliga qarab ketdi.
Bog‘ning uzoq burchagida daryo o‘zani qo‘ltiqqa o‘xshab ichkariga yorib kirgan xilvat joy bor. Oqim bu yerda juda sokin, suv tagi mayin qumloq, uncha chuqur ham emas. Hamida bu yerga yetti yashar qizaloq paytlaridan beri ko‘p keladi. Sohilni bir tomondan baland daraxtlar, ikkinchi tomondan bog‘ devori pana qilib turadi. Devor ortida kemachi bir odamning kichkina hovlisi va ikki eshkaklik qayig‘i bor. Yomg‘ir fasli tugab, quruq va issiq oylar boshlanganda Jamnada suv kamayib, qirg‘oq chetlari milkday ochilib qoladi. Shunda bog‘ devori tugagan joydan qo‘shni hovliga kirib chiqsa bo‘ladigan yo‘lak paydo bo‘ladi.
Kemachining bolalari Zarafshon bog‘iga o‘tishga jur’at etolmaydilar. Shuning uchun Hamida sakkiz yashar qizcha ekanida haligi yo‘lakdan o‘zi o‘tib borgan, kemachining Nizom degan kattagina o‘g‘li uni qayig‘iga chiqarib daryoda sayr qildirgan edi. Hamidani onasi «hali bola-ku» deb uncha qattiq tergamas edi. O‘n yetti yoshli Nizom podsho bog‘ida turadigan Hamidaga o‘zining qanchalik chapdast ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi.
— Bonucha, sizga baliq tutib beraymi? — deb ko‘ylagini yechdi-yu, qayiqdan suvga sho‘ng‘idi. Jamnaning qoramtil suvi shishadek tiniq edi. Hamida Nizomning suv tagida baliq quvib ko‘zi ochiq holda suzishini ko‘rdi-yu, hayron qoldi. Nizom sohil chetidagi qo‘ltiqqa qamab tutgan bir baliq uning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi. Ammo boshqa bir baliqni tutgan zahoti ikki qo‘llab qayiqqa qarab otdi. Uning qo‘llaridan sachragan suv zarralari Hamidaga ham tegdi. Kattagina baliq qizchaning oyog‘i ostiga tushib, patirlab o‘ynay boshladi.
Nizomning suvda bu qadar yaxshi suzishini ko‘rib, Hamidaning unga havasi keldi. U suzishni bilmas edi. Buni eshitgan Nizom qayig‘ini uylari oldidagi qoziqqa yaqin keltirib bog‘ladi-da, daryo chetidan qulay joy tanlab, Hamidani suzishga o‘rgata boshladi.
Hamida yengil harir ko‘ylakchasi bilan suvga kirdi. Nizom uni belidan, qo‘llaridan tutib, suv yuziga ko‘ndalang yotqizdi-da, oyoq-qo‘llarini qanday harakatlantirishni tushuntirdi. Keyin asta qo‘yib yubordi. Hamida bir-ikki qadam suzar-suzmas cho¬kib keta boshladi. nizom engashib uni darhol suvdan chiqarib oldi. Shunda qizcha beixtiyor uning bo‘yniga qo‘lini solib nafasini rostladi. Bir vaqt xayolini yig‘ishtirib qarasa, Nizomning bag‘rida uni bo‘ynidan quchoqlab turibdi. Iymanib kuldi-da, uning qo‘lidan sirg‘alib chiqdi. Nizom ham kulib turar, lekin bo‘ta¬loqnikiga o‘xshagan yuvosh ko‘zlari shunday samimiy va beg‘araz boqar ediki, Hamida to suzishni o‘rganguncha undan biror marta seskanmadi va birorta nojo‘ya qilig‘ini sezmadi. Dili pok bu suvchi yigit unga tobora jozibali ko‘rinadigan bo‘ldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:26:22
Shundan keyin ular uch-to‘rt yil ko‘risholmadilar. Chunki Hindol mirzoga agradan uch yuz mil* garbi-janubdagi Mevat viloyati mulk qilib berildi. O‘sha joyda qo‘rg‘on va bog‘ qilib,oilasini, o‘ziga qarashli odamlari qatori Hamidalarni ham ko‘chirib ketdi. Isyonkor rajputlar viloyati bo‘lgan Mevat juda no¬tinch, urush, yurishlar ko‘p bo‘lar, Hamida va uning ota-onasi Agrada osuda o‘tkazgan damlarini sog‘inib eslashardi. Ayniqsa bog‘ chetidagi sokin qo‘ltiq va qayiq sayri Hamidaning yodiga ko‘p tushar, Agraga qaytadigan kunlarni u doim orziqib kutardi.
Agrada Hindol mirzoga otasidan qolgan to‘rt bog‘ning bittasi — mana shu Zarafshon berilgan edi. Oradan bir necha yil o‘tib, Hindol mirzo va uning odamlari bu boqqa yana qaytib kelganlarida hamida bonuning bo‘yi yetib qolgan, unda balog‘at belgilari paydo bo‘lgandan beri onasi ko‘chaga yopinchiqsiz chiqarmas, bog‘ sayriga ham, chavgon o‘yiniga ham yolg‘iz yubormas edi.
Mana hozir ham u bog‘ning uzoq burchagidagi xilvat sohilga kanizagi Aminat bilan birga keldi. Qoshlari ingichka, sochlari qizg‘ish Aminat asli cherkas qizi edi. Eron shohining navkarlari bilan bo‘lgan janglarda asir olingan va qul bozorida sotilgan bu jabrdiyda juvon besh yildan beri Hamidaga kaniz bo‘lib xizmat qiladi. Uni Nizom ham tanib qolgan. Chunki so‘nggi yillarda Hamida daryo sohiliga doim kanizi bilan birga keladigan bo‘ldi. Hamida endi Nizomning ko‘zi oldida cho‘milishdan uyaladi. Yoshi yigirma beshga kirib, xiyla bosiq va sipo yigit bo‘lib qolgan Nizom ham Hamida bonudagi bu o‘zgarishlarni ma’qul ko‘rgan kabi bosh irg‘ab, kulimsiraydi, unga salom berganda ikki kaftini peshonasi ustiga juftlab, yengil bir ta’zim bajo keltiradi, shu bilan kiborlar jamiyatiga mansub bo‘lgan qizni o‘zidan xiyla baland qo‘ygandek bo‘ladi.
Aminat uning qayig‘iga birinchi marta chiqqanda: «Eshkakchi yigit durustroq peshkash olish umidida bizni astoydil sayr qildirmoqchi», deb o‘yladi. Yigit¬ning tiniq, qoramtir yuzida kamtargina bir jilmayish bor, o‘zi beozor va yuvosh ko‘rinadi. Faqat timqora ko‘zlaridan, kuchli bir olovning tapti urib turadi. Baquvvat qo‘llari eshkaklar orqali butun qayiqni o‘ziga bo‘ysundirib, uch kishini suv yuzida qushday uchirib boradi.
Qayiq tor bo‘lgani uchun Aminat orqada, Hamida esa tumshuq tomonda Nizom bilan yuzma-yuz o‘ltiribdi. Ikkovining ko‘zi ko‘ziga tushgani sari Hamida bonuda nafis bir hayajon kuchayib borayotgani Aminatni taajjubga soldi. Qiz go‘yo mana shu uchrashuvni ko‘pdan beri kutib yurgan edi-yu, endi visolga yetishganidan quvonib, husn-u jamoli ochilib bormoqda edi. Hamidaning qanchalik ko‘hlik qiz bo‘lib yetilganini, uning yuz-ko‘zida, qaddi-qomatida qanchalik sehr-u joziba borligini Aminat hozir birinchi marta yaqqol his qildi. Hamidaning qizlik latofati go‘yo bir g‘uncha holida edi-yu, eshkakchi yigitning diydori shu g‘unchani birdan gullatib ochib yubordimi? Bu yigitda nima karomat bor o‘zi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:26:40
Daryo sokin oqayotgan joyda Nizom eshkak eshishdan to‘xtab, past, mayin tovush bilan ashula boshladi.
Nizom azbaroyi Hamidaga mehri tushganidan uning turkiy tilini o‘rgangan, hozir shu tildagi o‘ziga yoqqan she’rlarni hindcha kuylarga solib aytar edi. Uning ovozi odamni rom eta oladigan darajada dilbar va kuchli. Og‘ir qayiqni qushday yengil uchira¬yotgan yigitlik kuch-qudrati uning ovozida ham sezilib turadi.
Hamida uning qo‘shig‘ini eshitgan sari g‘alati bir sehr-u jodu ta’siriga berilib, o‘z ixtiyorini yigitning qo‘liga topshiradigan holatga tushmoqda edi.
Aminat birdan Xonzoda begimni esladi. Humo¬yun¬ga munosib ko‘rilgan Hamidadek qiz kelib-kelib shu eshkakchiga ko‘ngil beradimi?
Yigit Aminatning sovuq nigohini yelkasi bilan sezgan kabi unga o‘girilib qaradi. Ko‘zlarida beg‘araz, tamasiz bir mehr nurlanib turganini ko‘rib, Aminat beixtiyor o‘ng‘aysizlandi. Nizom oliy dargohlarda yurgan Hamida bonuga yetishaman deb umid qilmaydi, faqat bu qizning noyob jozibasini muqaddas bilib, unga sajda qilgisi keladi. U o‘z dilidagi tuyg‘uni Hamidaga tushuntirmoqchi bo‘lib:
— Men bhaqtiga* imon keltirganmen, — dedi.
— Bhaqti kim o‘zi? — so‘radi Hamida.
— Bu birovning ismi emas. Bizga o‘xshagan faqir kishilar e’tiqodi. Men Makkayu Madinaga hajga borib sig‘inmaymen. Qarshimda turgan chin insonning diliga sig‘inamen. Masjidda tamagir mullolar odam¬lardan xayr-u ehson undirib boy bo‘lurlar. Boylik bor joyda muqaddas narsa yo‘q. Shuning uchun biz masjidga bormagaymiz. Biz uchun muqaddas joy — yaxshi odamning dili.
Oddiy bir hind yigitdan bunaqa g‘alati gaplar chiqishini kutmagan Hamida taajjubga tushdi:
— Voy, masjiddan yuz o‘girsangiz otangiz urishmaydimi?
— Menga bhaqtini otam o‘zlari o‘rgatganlar. Otam ham, bobom ham, — deb Nizom ovozini pasaytirib shivirladi, — Kabirga ixlos qo‘yib qo‘l berganlar.
Hamida bonu bu nomni eshitib, beixtiyor vahmi keldi. Chunki uning bilishicha, Kabir dahshatli bir jodugar kofir bo‘lgan, el-ulusni yo‘ldan ozdirib, dindan chiqargan, shuning uchun Iskandar Lodi degan podsho Kabirning bo‘yniga tosh bog‘latib, Gang daryosiga cho‘ktirishni buyurgan. Lekin Kabir suv tagidan tirik chiqqan. Podsho uni quturgan filning oyog‘i tagiga tashlatib o‘ldirmoqchi bo‘lganda u filni ham sehrlab, o‘lmay qolgan.
Nizom ertaknamo bu gaplarni Hamidadan eshitib mayingina kuldi:
— Kabirning daryodan tirik chiqqani ham, filning oyog‘i tagida o‘lmagani ham rost. Bobom menga buning sirini aytib berganlar. Kabirning jodusi uning she’rlarida ekan. She’rini kuyga solib aytsa eshitgan jonzot shunday ta’sirlanar ekanki, Kabir*ning irodasiga qarshi biron ish qilolmay qolarkan.
— Bobongiz Kabirni yaqindan bilar ekanmilar?
— Ha, otam ham bilgan. Bundan yigirma besh yil avval men tug‘ilganda Kabir bizning uyga kelgan. Menga Nizom degan otni shu odam qo‘ygan ekan.
— Tavba, kimga ishonishingizni bilmaysiz! — dedi Hamida o‘ychan. — Otamlar menga: «Kabirni tilga olma, kofir bo‘lasan», deb aytgan edilar.
— Otangizni johil muhtasiblar* adashtirgan, — dedi Nizom. — Ular bizning boshimizga ham qancha kulfatlarni soldilar. Kabirga qo‘l bergan otam zindonda yotibdilar.
Nizom og‘ir tin oldi-yu, bultur Hamidalar yo‘q paytda mana shu daryo bo‘yida bo‘lgan qonli voqealarni aytib berdi.

____________
* M i l — 1000 metr.
* B h a q t i — hindcha ixlos demakdir. Inson o‘z takomiliga ishonsa va komil odamlarga ixlos qo‘ysagina yomon illatlardan xalos bo‘la oladi. «Ixlos — xalos» degan hikmat bhaqtida shunday talqin etiladi.
* K a b i r (1440—1518) — ulug‘ hind shoiri. Uning she’rlari hozir ham xalq orasida juda keng tarqalgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Kabir asli brahman oilasida tug‘ilgan, chaqaloqligida onasi tashlab ketgach, uni oddiy bir musulmon to‘quvchi kosib oilasi tarbiyalab voyaga yetkazadi. Kabirning o‘zi ham to‘quvchi bo‘lgan.
* M u h t a s i b — diniy ishlar nazoratchisi. Qo‘lida darra bilan yurib, odamlarning ro‘za tutishi-yu masjidga namozga kelishini nazorat qilgan.
* * *
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:26:52
Nizomning otasi o‘zining katta o‘g‘liga hindlar¬ning eng ezilgan shudra* qavmidan chiqqan esh¬kakchi do‘stining qizini olib bermoqchi bo‘ladi. Yigit bilan qiz bir-birlarini yaxshi ko‘radi. Ota-onalari uchun ularning har xil dinda ekanliklari ahamiyatsiz. Kabir ta’limoti asosida ular musulmon mullasini ham, hind brahmanini ham tan olmaydilar. Ular «dinu millat ayirish faqat tamagir ruhoniylar uchun¬gina kerak» deyishib, to‘y tayyorligini boshlashadi. Shu orada Nizomlarning mahallasidagi masjidda kutilmagan bir to‘polon boshlandi. Kechasi allakimlar masjidning mehrobiga qora cho‘chqaning o‘ligini tashlab ketadilar. Mahalla imomi «bu ishni cho‘chqaboqar ma¬jusiylar qilgan» deb, qavmlarini hindilarga qarshi gijgijlaydi. Johillardan besh-o‘ntasi ko‘chaga chopib chiqadilar-u hindlar muqaddas hisoblaydigan va ko‘chada bexavotir yurgan govmish sigirni yerga ag‘anatib, bo‘yniga pichoq tortadiar. «Masjid mehrobiga cho‘chqaning o‘ligini tashlab ketganlarning jazosi budir!» deyishib sigirning kattakon son go‘shtini hind ibodatxonasining sajdagohiga osib qo‘yadilar. Shu tarzda har ikki tomonning ham diniy e’tiqodlari qattiq haqoratlanadi-yu, qirg‘in boshlanib ketadi. To shahar hokimi — qutval bundan xabar topib, ikki yuz navkari bilan yetib kelguncha va qirg‘inni to‘xtatguncha ikki tomondan o‘n yetti kishi halok bo‘ladi, yetmish-sakson odam yaralanadi. Jarohatlanganlar orasida Nizomning otasi ham bor edi. U behuda qirg‘inning oldini olmoqchi bo‘lib oraga tushgani uchun kimdir tosh otib boshini yorgan edi.
Bu hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Nizom sigir-u cho‘chqa bahonasida odamlarni qirg‘in qilgan johil imom-u brahmanlarni butun vujudi bilan yomon ko‘rib qoldi. Nizomning otasi esa bunday diniy adovatlardan baland turgan va chin insonlikni ilohiyot darajasiga ko‘tarib ulug‘lagan Kabirga avvalgidan ham ortiq ixlos qo‘ydi. O‘zining Kabir ta’li¬motiga sodiqligini va diniy nizolardan baland turishligini el-yurt oldida isbot etish uchun hind qizi bilan to‘ng‘ich o‘g‘lining to‘yini albatta o‘tkazadigan bo‘ldi. O‘sha to‘polon tufayli to‘xtab qolgan to‘y tayyorligi kuzning mezon oyida nihoyasiga yetdi. Nizomlarning daryo bo‘yidagi hovlilari gulshodalar bilan bezandi. Dasturxonlarga shirinliklar, xurmolar, norinjlar, boshqa anvoyi mevalar qo‘yildi. Kelin-kuyov oq, sariq, pushtirang gulshodalardan to‘qilgan maxsus shomiyonaga* kirib o‘ltirdiar.
Ularga nikoh o‘qish uchun mahalla imomini ham, hind brahmanini ham chaqirishmadi, bhaqtiga ixlos qo‘ygan sakson yoshlik bir mo‘ysafid kelinning qo‘lini kuyovning qo‘liga tutqazdi-yu, Jaloliddin Rumiy va Kabir she’rlaridan kuyladi. Bu she’rlarda «riyokor imom-u brahmanga ishonma, dilingdagi muqaddas tuyg‘ularga ixlos qo‘y, inson, ilohiyot se¬ning o‘zingdadir» degan ma’no bor edi. Bu ma’no, albatta, taqvo¬dor shayxlar bilan mutaassib brahmanlarni talvasaga solib qo‘ydi. Axir butun xalq masjid-u ibodatxonaga bormay qo‘ysa na brahmanni, na mullani tan olmasa, xayri-ehsonni kim beradi? Ruhoniylarning tirikchiligi qanday o‘tadi? Obro‘-e’tibori qayoqda qoladi? Bu ketishda el-ulus podshoga ham itoat etmay qo‘yadi, hokimiyatni tutib turgan diniy mafkura vayron bo‘ladi!
Johil shayxlar va brahmanlar to‘y arafasidayoq shahar hokimiga murojaat qilib, shoshilinch choralar ko‘rish kerakligiga, masjid-u ibodatxonani yomonlab yurgan dahriylar xalq orasida isyon chiqarishi va yangi qirg‘inlarga sabab bo‘lishi mumkinigiga uni ishontirgan edilar. Daryo bo‘yidagi to‘y xursandchiligi avjiga chiqqan paytda birdan ellik-oltmish otliq navkar qamchi o‘ynatib, qilich yalang‘ochlab kirib keldi. Kabirning isyonkor she’rlarini kuyga solib aytayotgan xonandalarni qamchi bilan urib haydab yubordilar. Kelin-kuyov kirib o‘ltirgan shomiyona gulshodalari qilich zarbalaridan tilka-pora bo‘ldi. Navkarlar ketidan tayoq ko‘tarib kirgan muhtasiblar g‘ayridinga uylanmoqchi bo‘lgan muslim yigitning nikohini harom deb e’lon qildilar. Nizomning otasi bunga qarshi e’tiroz qilgan edi, uning qo‘llarini orqasiga bog‘latib, hibsga olib ketdilar.
— Otam hali ham zindonda yotibdi, — og‘ir tin olib hikoyasini tugatdi Nizom. — Bultur machitga tashlab ketilgan cho‘chqaning o‘ligini muhtasib un-dan ko‘rayotgan emish. Tuhmatni qarang!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 22 Noyabr 2009, 15:27:16
— Otangiz podshoga arz qilsalar bo‘lmaydimi? — kuyunib so‘radi Hamida.
— E, podsho osmonda, otam yer ostidagi zindonda! Ikki orani poraxo‘r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar to‘sib olmishlar. Podsho o‘shalarning gapiga ishongay!
Yigit bu so‘zlarni aytganda uning ko‘zlarida isyon¬korona bir o‘t yonganini Aminat ham ko‘rdi-yu, o‘z boshiga tushgan asiralik kulfatlarini esladi. Nizomga hamdardlik bildirib:
— Bu dunyoda adolat o‘zi yo‘q! — dedi. — Zamona mudom zo‘rniki!
Zamona zo‘rlariga yaqin bo‘lgan Hamida yakkalanib, noqulay ahvolga tusha boshladi. Nizom buni sezdi-yu, oraga tushgan g‘uborni tarqatishga intildi:
— Xudo xohlasa, bir kun emas, bir kun haqiqat yuzaga chiqib qolgay. Men podshoning kemasida eshkakchimen. Paytini topsam, kemada Humoyun  mirzoga arz qilmoqchimen!
«Balki men... hazratning inoyatiga sazovor bo‘l¬sam «Nizomning begunoh otasini hibsdan chiqarti¬ring» deb iltimos qilarmidim?» degan o‘y Hamidaning ko‘nglidan o‘tdi. Lekin qiz bola bunday iltimoslarni qilishi uchun Humoyunga qay darajada yaqin bo‘lishi kerak! Unga yaqin borish — Nizomdan uzoqlashish emasmi? Biroq Hamida bu yigitdan uzoq¬lashgisi kelmaydi, ko‘ngil unga qarab talpinadi. Yetti yashar qizaloq paytida mana shu daryoning sokin qo‘ltig‘ida Nizom uni suzishga o‘rgatgani hech esidan chiqmaydi. Ikkovi suvda birga suzgan o‘sha damlar zavqi hozir daryo to‘lqinlari orasidan unga ko‘z tikib turganday.
Nizom qayiqni sokin qo‘ltiqqa burib kelib to‘xtatganda Hamidaga ma’yus termulib «yana qachon ko‘rishamiz?» degandek qaradi.
— Navro‘zda podshohimiz kema sayriga chiqarmishlarmi? — so‘radi Hamida yigitdan.
— Ha, bizga farmon berilgan. Navro‘z kuni podshoh kemasining eshkagini biz eshar ekanmiz.
— Xonzoda begim meni ham kema sayriga taklif qilganlar. Borsam... sizni yana ko‘rar ekanmen-da.
Nizom bu gapdan quvonish o‘rniga nogahoniy bir iztirob ichida qoldi. Humoyun mirzo kemaning yuqorigi qavatida tillakori tolorda yasanib, jozibaga to‘lib o‘ltirishini, Nizom esa pastdagi tor joyda o‘n oltita eshkakchining orasida terlab-pishib eshkak eshishini ko‘z oldiga keltirdi. Xonzoda begim Hami¬da bonuni Humoyun bilan tanishtirganda pastdagi eshkakchi Nizom bunga qay ko‘z bilan qaraydi-yu, qanday ruhiy azoblarga uchraydi?
Ana shu savolni Hamida bonu yigitning yuzida qalqqan iztirobdan payqadi-da, o‘zi ham ikki o‘t orasida qolishi mumkinligini endi sezdi.

_____________
* Sh u d r a — eng past to‘rtinchi tabaqa — kasta. Unga ko‘proq kosiblar, hammollar va boshqa oddiy kishilar kiradi.
* Sh o m i yo n a — bu yerda guldan qilingan chodir yoki chimildiq ma’nosida.
* * *
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:15:47
* * *

Navro‘z kuni Hamida bonu qo‘sh karnay va qo‘sh surnaylar tovushidan uyg‘ondi. Bayram liboslarini kiyib, Xonzoda begim in’om etgan chavkar otni mingan holda Gulbadan begim va yana uch-to‘rtta oliynasab qiz-juvonlar bilan shahar markaziga qarab borayotganda Nizomni esladi. Uni qiynamaslik uchun bir bahona topib kema sayriga chiqmay qo‘ya qolsamikin?
Biroq butun Agra aholisi va boshqa viloyatlardan kelgan yuzlab odamlar shahar markazidan o‘tayotgan Humoyun mirzo va uning mavkabini* yaqinroqdan tomosha qilishga intilmoqda edi.
Mavkabdan oldinda darra* ko‘targan qo‘riqchilar yo‘l ochib boradi. Ular bilan ketma-ket nog‘orachi va karnaychilar kelyapti.
Qo‘sh nog‘oralarini nortuyalarning o‘rkachiga xurjunga o‘xshatib ayri tashlab olgan ikkita hindu yigit nog‘ora cho‘plarini tinimsiz o‘ynatib, butun shaharni quvnoq takatumlarga to‘ldirishga harakat qiladi. Karnaylar mis halqumlarini osmonga cho‘zib, o‘z «ha-ha-hu-uv»lari bilan nog‘oralar tovushini bosib ketgudek bo‘ladi. Ammo surnaylarning ingichka va o‘tkir navolari hammasidan ham balandroq yangraydi. Markaziy xiyobonga qarab yopirilgan izdihom daryosi Hamidalarni ham beixtiyor o‘sha tomonga oqizib ketganday bo‘ldi. Fil ustidagi havorang kimxob soyabon jajji bir ko‘shkdek, uch tomoni pardalik, faqat old tomoni ochiq. Harakatlanib bora¬yot¬gan ko‘shk ichida yolg‘iz o‘tirgan Humoyunning pe¬shonasi ustida — sallasining old tomonida Ko‘hinur olmosi yaraqlab ko‘zni qamashtirgudek bo‘ladi. Humoyun bu gavharni yilda bir marta — navro‘z paytida peshonasiga qadab el-ulusga ko‘rinish beradi. Shuni bir-biridan eshitgan odamlar podshodan ham ko‘ra uning sallasidagi Ko‘hinurni yaqinroqdan ko‘rishga harakat qiladilar. Lekin xiyobonning ikki chetida zanjirday tizilib bora¬yotgan otliq qo‘riqchilar izdihomni mavkabga yaqin keltirmaydi.
Faqat bir joyda ellik-oltmishta yosh-yalanglar bir-birini itarib, surib, qo‘riqchilar zanjirini xiyobon ichiga egib kirgiza boshladi. Darra kimningdir yelkasiga qarsillab urildi. Shunga qaramay izdihom seli otliq qo‘riqchilar zanjirini uzib o‘ta boshladi. Qo‘rchiboshi achchiqlanib, birdan qilich yalang‘ochladi.
Fil ustidan buni ko‘rib qolgan Humoyun o‘ng yonida otliq borayotgan Bayramxonga bir nima deb ishora qildi. Bayramxon orqaga o‘girilib:
— Janob qo‘rchibek, shoshmang! — dedi. — Hazratim sochqi buyurdilar!
Qirq yoshlardagi qo‘li uzun shig‘ovul otini chu-chulab, olomon bilan qo‘riqchilar tirashib turgan joyga yaqinlashar ekan, egariga ortilgan gilam xurjunning o‘ng ko‘zidan bir siqim kumush tanga oldi. Yo‘g‘on tovushini baland ko‘tarib, turkiy va forsiy so‘zlarga hindcha iboralar aralashtirib dedi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:21:45
C— Xaloyiq, tinchlaning! Humoyun hazratlari navro‘z bayrami munosabati bilan fuqaroga xayr-u ehson qilmoqchilar! Oling, mana shu kumush tanga sizlarga!
Shig‘ovul yurib borayotgan ot ustidan oldinga intilib, siqimidagi oq tangalarni olomon bostirib kelgan joyning orqa tomoniga sochdi. Oftobda xira yaltiragan kumush tangalar kimningdir boshiga, kimningdir yelkasiga urilib yerga tushdi. Buni ko‘rgan yosh-yalanglarning anchasi podshoni ham, uning filini ham unutib, tangalar tushgan tomonga tashlandilar.
Mavkab boyagiday shoshilmay yurib ketmoqda edi. Shig‘ovul ham yurib borayotgan ot ustida turganicha qo‘lini endi xurjunning chap ko‘ziga soldi-yu, ketma-ket ikki siqim mis tanga oldi va ularni boyagidan ham nariroqqa qulochkashlab sochdi. Tangalarga targ‘ibotni qo‘shib so‘zida davom etdi:
— Xaloyiq! Navro‘z — musulmon-u hinduga, barcha ellar-u dinlarga barobar bayramdur! Bahor ayyomida kecha bilan kunduz barobarlashgan tabiiy muvozanat kunida navro‘z kirib, yangi yil boshlangay. Farmoni oliy bunyod bo‘ldikim, jamiyatda ham tabiatdagi kabi muvozanat hukm sursin, mamlakatning barcha el-uluslari din-u millat ayirmasdan, navro‘zni inoqlik, hamjihatlik bilan bayram qilsinlar.
Shig‘ovul yana xurjunning o‘ng ko‘ziga qo‘l solib bir changal kumush tanga oldi-yu, odam gavjum tomonga sochdi.
Boya mavkabga tomon yopirilib kelayotgan yosh-yalanglarning ko‘pchiligi tangalarning ketidan quvib ketishdi.
Xiyobon chetlari sochqi yordamida ancha ochilib qolgach, otliq kelayotgan Hamidalar mavkabga yaqin¬roq borishdi. Boya olomonga jahl qilib, qilich yalang‘ochlagan qo‘rchiboshi qilichini qiniga qaytarib soldi-da, fil ustidagi Humoyunga bosh egib, undan uzr so‘ragan kabi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Humoyun esa qo‘rchiboshiga «ma’zursiz» degan kabi jilmayib qo‘yganini Hamida bonu aniq ko‘rdi. Shu payt yigitning peshonasi ustidagi Ko‘hinur ko‘kish ziyo tara-tib sehrli charaqladi. Humoyun Hamida bonuga atrofda bor yigitlarning eng ko‘hligi va baxtlisi bo‘lib ko‘rindi. Qiz ertalabki xavotirliklarini unutib, Humo¬yunning bu tomonga bir qarashini va ko‘z ko‘zga tushishini istadi.

______________
* M a v k a b — podshoning a’yonlari va mulozimlari.
* D a r r a — bambukdan qilingan maxsus tayoq.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:22:46
* * *

Biroq fil ustida borayotgan Humoyunning xayoli butunlay boshqa narsalar bilan band. U Hamidalar tomonga yuzlanganda ham qizning boshi osha uzoq¬larga nazar tashlaydi. Nega bu yil navro‘z sayliga odam bulturgidan ikki-uch barobar kam chiqqan? Bulturgi navro‘zda butun shahar va uning atroflari yasan-tusan xaloyiqqa to‘lib ketgan emasmidi? Navro‘z kunlarida bozor rastalarini, ko‘cha va maydonlarni rang-barang ipak matolar, gulshodalar bilan bezatish odati «oyin bandi» deb atalardi. Agrada bu odatni Humoyun maxsus farmon bilan joriy qilgan edi. Humoyun mamlakatning sharqida va g‘arbida katta g‘alabalarga erishgan paytlarda uning har bir farmonini so‘zsiz bajaruvchilar ko‘p edi.
Hozir ishlari orqaga ketib, nufuzi pasaygani va inilari bilan orasi buzilgani uchun ham navro‘z namoyishiga odam kam chiqqani sezilib turibdi.
Og‘a-ini nizosini Komron boshlab berdi. U Badaxshon-u Kobulga qanoat qilmay, Laxo‘rga qo‘shin tortdi. Ikki orada urush chiqishi muqarrarli¬gini sezgan Xonzoda begim keksalik bedarmonligiga qaramay safarga otlandi. Ikki hafta yo‘l yurib, Agradan Laxo‘rga elchi bo‘lib bordi. Komron mirzo akasiga ko‘mak berish uchun Laxo‘rga kelganini, zinhor mulk talashmoqchi emasligini aytib ont ichdi. Begim uning Humoyunga sadoqat izhor qilib yozgan maktubini va jo‘shqin turkiy she’rlarini olib Agraga qaytdi.
Komronning Humoyunga yuborgan she’rlaridan otalari Bobur mirzoning ovozi eshitilib turganday bo‘lar edi. Komron akasiga kamtarlik bilan yozgan edi:

Zarrasifat o‘zni bilurman haqir,
Sendin tushsa nur bo‘lurmen munir.*

Humoyunga, ayniqsa, Komron yozgan quyidagi ikki satrning falsafasi haroratli tuyuldi:

Istasangki yetmasin davrondin ozore senga
Sa’y qilkim, tegmasin hech kimga ozoring sening.

Xonzoda begimning harakatlariga Komron yozgan bu she’rlarning tafti ham qo‘shilib, Humoyun jahlidan tushdi. Og‘a-ini yarashdilar. Lekin bu yarashish muvaqqat, chunki Komron hali Laxo‘rdan chiqib ketgan emas. Agar Humoyun Laxo‘rdan butunlay ayrilsa, tashqi dushmanlari qarshisida zaiflashib qo¬lishi va markaziy davlatni boy berishi mumkin.
Humoyunning tashqi g‘animlari endi Sherxon Sur atrofiga to‘planib, Gang bo‘ylaridan bosh ko‘tarib chiqmoqda. Shuning ustiga g‘arbiy viloyat bo‘lgan Gujaratda isyon boshlandi. Humoyun Gujaratga hokim qilib tayinlagan inisi Askariy bu ishni eplay olmadi, el-ulus unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Agra bilan Gujaratning orasi otda bir oylik yo‘l. Humoyun sharqdagi Sherxon xavfi tufayli Agrani tashlab, Gujaratga bora olmadi. Askariy Gujaratda mag‘lub bo‘ldi va yordamga yetib borolmagan Humoyundan arazlab, Laxo‘rga, Komronning oldiga ketdi. Hu¬moyun yaqinda Laxo‘rga maxsus odamlar yubo¬rib, har ikki inisini navro‘z bayramiga poytaxtga taklif qildi, «dushmanlar ko‘zi oldida hamjihat bo‘laylik» deb maktub yubordi. Lekin Komron mirzo betobligini bahona qilib kelmadi. Holbuki, u soppa-sog‘ eka¬nini, Laxo‘rda o‘zi ham Askariy bilan navro‘z sayliga chiqmoqchiligini Humoyun ishonchli xufiya¬lar axborotidan biladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:23:00
Hozir Humoyunning fili yonida birgina inisi — oq otliq Hindol mirzo bormoqda. Biroq uning ham ruhi so‘nik, mashqi past, chunki unga berilgan mevat viloyatini bu yil qishda rajput rojalari undan tortib olib qo‘ydi. Endi Mevat rajputlari ham sharqdagi Sherxon bilan til biriktirmoqda. Shu mamlakatda tug‘ilib o‘sgan Sherxon hind-u musulmon diniy nizolariga qarshi turib, jangovar rajputlarni ham o‘z qo‘shiniga olayotgan emish. Shu bilan u Humoyunga nisbatan katta bir ustunlikka erishishi aniq. Chunki mamlakatning ko‘pchilik aholisi hindlar. Humoyun ham hindlarni o‘ziga yaqinlashtirmoqchi bo‘ladi. Biroq... juma kuni jome masjidiga borganda shay¬xulislom Said Xalil xutbadan so‘ng uni mehrob yonida to‘xtatib, past tovush bilan:
— Hazratim, men bir gap eshitdim, — dedi. — Iloho yolg‘on bo‘lsin.
— Ne gap, taqsir?
— Navro‘z saylida sizdek pok mazhablik musulmon podshosining filini g‘ayridin boshqarmoqchi emish, rostmi?
— Taqsir, g‘ayridinlar bilan bir mamlakatda yashaydigan odam nechun ular bilan bir fil ustida o‘ltirmog‘i mumkin emas?
— Chunki agar bugun majusiylar siz mingan filni boshqarib o‘rgansa, ertaga siz boshliq davlatni egallashga intilgay!
— Ammo biz bu ishga munosib ko‘rgan La’l Chand sadoqatli raiyatlarimizdan ekanini ko‘p marta isbot etgan!
Said Xalil mehrobda turgan charm muqovali ulkan kitob — Qur’onga ko‘z tashlab, go‘yo undan madad olgan bo‘ldi-yu, ovoziga sehrli tus berdi:
— Agar o‘shal raiyatingizning sadoqati chin bo‘l¬sa, kalimayi shahodatni aytib, musulmon diniga o‘tsin, undan so‘ng siz mingan filni boshqarsa mayli!
Humoyun mehrob tomonga allanechuk hayiqib qarab oldi: Qur’ondan qo‘rqar edi. Lekin La’l Chanddek bir so‘zli, botir odamni o‘z dinidan maj-buran voz kechdirishga intilish unga yanada xatarliroq tuyuldi:
— Taqsir, meni ikki o‘t orasida qoldirmang! Endi el bo‘lib kelayotgan La’l Chanddek hindlarni rag‘batlantirish o‘rniga zo‘rlik bilan boshqa dinga o‘tkaz¬moq¬chi bo‘lsak, butun mamlakat xalqini o‘zimizdan bezdirgaymiz! Sherxonday makkor g‘anim turganda biz hind elini bag‘rimizga tortmog‘imiz, unga suyanmog‘imiz lozim emasmi?
— Ammo birdan ikki qayiqning boshini tutmoq ham mumkin emas, hazratim! — Said Halil mamlakatning diniy peshvosi sifatida podshoh hokimiyatini ichdan nazorat qilish huquqiga ega edi. U hozir shuni eslatib qo‘ymoqchi bo‘lib Humoyunning ko‘¬ziga tik qaradi: — Agar majusiy filbon barcha bek-u a’yonlardan oldinda, fil ustida o‘ltirib boradigan bo‘lsa, mavkabingizning katta bir qismi uning ketidan ergashgisi kelmagay. Bitta g‘ayridin tufayli yuzlab muslim xayrixohlaringiz navro‘z namoyishiga chiqmasalar maylimi? Sizga qaysi tomon azizroq?
Humoyunning qoshlari chimirilib, yuzi xiyol oqardi:
 — Bu ne, tahdidmi?
Said Xalil qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, gapini sal yumshatishga tirishdi:
— Hazratim, xotiringizga malol yetgan bo‘lsa uzr! Men faqat qavmlarimning kayfiyatidan sizni ogoh qildim, xolos!
Humoyun masjiddan qaytar ekan, inilari bilan orasi buzilgani ustiga endi Said Xalil boshliq ruhoniylar va ularning muridlari-yu qavmlari navro‘z namoyishiga chiqmasa, ertaga kim bilan bayram qi¬lishini o‘ylab qoldi. Uning tarafdorlari kamayib ketganini, mavkabi ham yarimta-yurimta bo‘lib qolganini el-yurt ko‘rganda nima deydi?
Yo‘q, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! Podsho filini La’l Chand boshqaradigan davr hali kelmagan ekan. Lekin Said Xalilga gap yetkazgan filbon Inoyatxon ham murodiga yetmasligi kerak. U Said Xalilning ishongan muridlaridan bo‘lgani uchun navro‘z kunida podsho filini o‘zi mingisi kelib ayg‘oqchilik qilgani aniq.
Bir vaqtlar Inoyatxon:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:26:21
— Brahmaputra daryosining bo‘ylaridagi o‘rmonda oq fillar bor, podsho hazratlari mablag‘ ajratsalar, to‘rtta yordamchi ovchi bersalar, eng ulkan oq fillardan tutib kelgaymen! — deb maqtangan edi.
Humoyun saroyga qaytgan zahoti Inoyatxonni o‘z huzuriga chaqirtirdi-da, o‘sha va’dasini esiga soldi. Oq fil tutib kelish uchun ketadigan xarajatlarni hisoblatib, uning qo‘liga tutqazdi va darhol jo‘nashni buyurdi.
— Hazratim, qulingiz ertangi navro‘zni Agrada o‘tkazib, keyin oq fil oviga ketay, ijozat bering! — deb Inoyatxon yer o‘pib iltijo qildi. Humoyun esa:
— Bu yilgi navro‘z menga tatimay qoldi, haqiqiy bayram siz oq fil tutib kelganingizda bo‘lgay, ertadan qolmay ovga otlaning! — dedi-da, boshqa gapga o‘rin qoldirmay, o‘zining xonayi xosiga kirib ketdi.
Kosa tagidagi nimkosadan xabardor bo‘lgan vazir Turdibek Inoyatxonning yoniga to‘rtta yordamchi ovchini qo‘shib, hammasini ertasi kuni tong otmasdanoq Agradan jo‘natib yubordi.
«Yordamchi»larga Inoyatxonni va xazinadan berilgan pulni qo‘riqlashgina emas, balki podsho farmonining ado etilishini qattiq nazorat qilish ham topshirildi.
Farmonni bajarish, albatta, oson emas — Agradan Brahmaputragacha otda ikki oylik yo‘l, xavf-xatar behisob, tirik qaytishining o‘zi amrimahol. Inoyatxon Humoyunning ustidan shayxulislomga ayg‘oqchilik qilishning qanchaga tushishini endi bilib qo‘yadi.
Bugun navro‘z namoyishiga Humoyun minib chiqqan ulkan qora filni La’l Chandning shogirdi bo‘lgan panjoblik filbon Gulmuhammad boshqarib bormoqda. Humoyun o‘ng tomonda, fildan ancha ortda saman ot minib kelayotgan keng malla to‘nli, katta oq sallali, sersoqol Said Xalilga sinchiklab bir qarab oldi. Muridi Inoyatxonning Agradan chiqarib yuborilgani pirning qulog‘iga yetib borgan shekilli, qovog‘i soliq. Ko‘zini saman otining quloqlaridan olmasdan xomush kelyapti.
Qiziq, bu odamga nima yetmaydi? Ixtiyoridagi vaqflardan behisob boyliklar daryoday oqib keladi, yuzlab xizmatkorlari-yu muridlari og‘zidan chiqqan buyrug‘ini bajarib turadi, kerak bo‘lganda, hatto podshoga ham kechagiday gapini o‘tkaza oladi. Ammo Said Xalilga bu hammasi odatiy va juz’iy narsalar bo‘lib ko‘rinadi. U Samarqandning mashhur diniy peshvosi Xo‘ja Ahror kabi favqulodda hukmfarmo bo‘lishni, podsholarni ham o‘z izmiga bo‘sundirishni istaydi. Chunki u payg‘ambar avlodi sanaluvchi saidlardan, osmondagi arshi a’loga yaqin turgan ulamolar peshvosi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:36:28
Ammo Humoyun otasi Boburdan ibrat olib din peshvolariga bo‘y bermaydi, ulardan yuqoriroq turish uchun «Qonuni Humoyuniy» degan yangi nizom ham o‘ylab chiqardi. Tarixchi Xondamir yozib chiqqan bu qonunga binoan Humoyunning qo‘l ostidagi odamlar tabiiy mavjudotdagi osmon, yer va ularning oraligi timsolida uch qismga bo‘lib chiqildi. Birinchi toifa — ahli davlat, unga podsho, vazir, bek va a’yonlar kiradi. Ikkinchi toifa — ahli saodat, ya’ni din peshvolari, ulamolar, shoirlar, olimlar. Uchinchi toifa — ahli murod, ya’ni aslzoda ayollar, sozandalar, xonandaar, musavvirlar va boshqa san’atkorlar.
Shayxulislom Said Xalil ikkinchi o‘ringa tushib qolganidan qattiq norozi. «Ahli saodat» degani ni¬masi? Hatto hind brahmanlari ham osmonga nisbat berilgan eng oliy tabaqa hisoblanmaydimi? Ahli davlat osmon bo‘ladi-yu, ahli din pastda muallaq qoladimi? Din peshvolarini shoir-u olimlar bilan bir toifaga qo‘shganlari ham Said Xalilga hurmatsizlik bo‘lib tuyuldi. Axir dahriyona kitob yozadigan shoir-u olimlar qayoqda-yu, ilohiy olamga yaqin turgan saidlar qayoqda?
Shayxulislom bu fikrlarini Xondamirga aytib, u bilan ko‘p munozara qildi. Bu munozarada Bayram¬xon Xondamirning tarafini olgan edi, Said Xalil uni dinsizlikda aybladi. Ulamolar majlisida Bayramxon¬ning ushbu ruboiysini o‘qib berdi:

Ne din g‘amidin dame pareshondurmen,
Ne kufr hujumidin harosondurmen.
Butxona-yu masjid manga yakson ko‘rinur
Go‘yoki ne kofir-u ne musulmondurmen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:38:01
Bu she’rni eshitgan qozi-yu sadrlar, muhtasiblar¬ning sochi tikka bo‘lib ketdi. Bayramxon musulmonlig-u masjiddan yuz o‘girsa kofirlik bundan ortiq bo‘ladimi?!
Qozilar boshlig‘i bo‘lgan Sadri a’zam Bayram¬xonni toshbo‘ron qilib o‘ldirishni talab qildi. Din peshvolarining o‘z zindonlari va jazo beruvchi muhtasiblari bor edi.
— Bayramxon hindlarning dahriy shoiri Kabir singari kufr yo‘liga kirmishdir! — deb Said Xalil Humoyunga borib arz qildi. — Kabir ham masjidni butxonaga qo‘shib inkor etgani ma’lumingizdir! Isyonkor majusiylarning bhaqti ta’limoti podsho hokimiyati uchun ham xatarli!
Said Xalil Bayramxonni hech bo‘lmasa Nizom¬ning dahriylikda ayblangan otasi kabi zindonga tashlashga intila boshladi.
Bayramxon o‘n to‘rt yildan beri Humoyunga sodiq xizmat qilib kelayotgan jangovar beklardan edi. Podsho uning tab’i nazmi balandligini, she’riyatda Navoiy va Boburga ergashishini bilardi. U darg‘azab bo‘lib kelgan Said Xalilga shuni aytib:
— Taqsir, Bayramxon Allohga sajda qiluvchi chin musulmon, faqat Bayramxon bu ruboiyni majoziy ma’noda bitmishdir, — dedi. — Bunday kayfiyatlar ulug‘ shoirlarda ham bo‘lgan. Jannatmakon otamning xuddi shu mazmundagi ruboiysi bor. balki o‘qigan¬dirsiz?
Humoyun davlatida Bobur xotirasi muqaddas hisoblanar, bunga shayxulislom ham shak keltirolmas edi. Humoyun otasining Bayramxonnikiga o‘xshash ruboiylaridan o‘qib bergach, Said Xalil sal hovuridan tushdi.
— Ammo biz Bayramxondek shakkok odam bilan bir toifada bo‘lishni istamagaymiz! — dedi. — Uni «ahli saodat» toifasidan chiqarmoq zarur!
Humoyun bunisiga rozi bo‘ldi. Maxsus farmon bilan Bayramxonni sohibixtiyor beklar qatoriga kiritdi-yu, «ahli davlat» deb ataladigan birinchi toifaga qo‘shdi.
Mana hozir navro‘z saylida Bayramxon ham vaziri a’zam Turdibek Turkistoniyning yonida, eng oldingi safda bormoqa. Bu hammasi Said Xalilning yarasiga tuz sepganday bo‘lyapti. Xondamir bundan to‘rt yil avval vafot etganda shayxulislom uning tahririda chiqqan nizomni bekor qilishga yana bir urindi. Ammo Humoyun o‘z nomiga nisbat berilgan qonunni butun koinot-u tabiatga bog‘lab himoya qilardi:
— Taqsir, men jamiyatdagi sun’iyliklar-u betartibliklardan bezor bo‘lganim uchun davlat ishini tabiiy bir asosga qurmoqchimen. Yer-u ko‘kdagi uyg‘unlik bilan sobitlikka sohibqiron Amir Temur ham imon keltirgan ekanlar. O‘shal bobokalonimiz kashf qilgan qonun-qoidalarni «tuzuklar» deb atagan ekanlar.  Shu tuzuklar mazmuni avloddan avlodga o‘tib, bizga ham yetib keldi. Tarixni o‘rganishda rahmatlik Xondamir bizga ko‘¬mak berdi. Amir Temur osmonning o‘n ikki burjidagi sobita yulduzlarni yaxshi ko‘rar ekanlar. Hamal, Javzo, Asad... bu yulduzlar¬ning har biri o‘z o‘rnida shunday sobit turgani uchun quyosh yilning o‘n ikki oyida ularning yonidan aniq soat-u daqiqasida o‘tar ekan. Bir daqiqa oldin ham emas, kech ham emas, to‘g‘rimi?
— Bunisi to‘g‘ri.
— Yoki o‘n ikki yillik muchal hisobi noto‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, to‘g‘ri!
— Shuning hammasini hisobga olib, Sohibqiron bobokalonimiz «o‘n ikki raqamida oliy hikmat bor» der ekanlar. O‘z davlatlarini o‘n ikki tamoyil asosida boshqarganlar. Qo‘l ostidagi barcha odamlarni o‘n ikki tabaqaga bo‘lib idora etganlar. Ma’lumingizki, biz ham barcha odamlarimizni o‘n ikki tabaqaga taqsim etdik. Maqsad — tabiatdagi tartib-u aniqlikni, muvozanat-u sobitlikni jamiyatimizga ham tadbiq etmoqdir!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:38:34
«Tadbiq etgani shumi?!» degan achchiq e’tirozni Said Xalil hozir navro‘z namoyishida borayotib o‘z ko‘nglidan o‘tkazdi. Humoyun katta bobosidan ibrat olib tartib bergan o‘n ikki tabaqani boshqarish juda qiyin bo‘ldi. Shundan so‘ng har uch tabaqani bir sohaga birlashtirib, to‘rtta vazorat tashkil qildi. Buni ham tabiatdagi to‘rt unsur — olov, havo, tuproq, suv kabi «anosiri arbaaga monand» deb ta’rifladi. Birin¬chi vazorat boshlig‘ini «sarkori otash» deb atadi. Unga barcha to‘p-u to‘pxonalar, qurol-yarog‘ va harbiy ishlar qaraydi. «Sarkori havoyi» deb atalgan vazir saroy ta’minotiga, oshxona, sayisxona*, kiyim-kechak ishla¬riga mutasaddi. «Sarkori obi» — ariq qazish va sug‘orish ishlarini boshqaradi, sharbat, chog‘ir va boshqa ichimliklar tayyorlaydi. «Sarkori xoki» (ya’ni, tuproqboshi) — ziroat, dehqonchilik va imoratsozlik kabi sohalarga javobgar. Humoyunning farmoniga binoan, bu to‘rt vazoratning odamlari kiyinishda ham bir-birlaridan farq qilishlari lozim, toki bir qarashda ularning qaysi sohadan ekanligini ajratish mumkin bo‘lsin. Uning o‘zi esa haftaning ma’lum kunida osmondagi biron sayyoraning rangiga va qiladigan ishining mazmuniga mos kiyinishga harakat qilardi. Nuri ko‘kish Zuhra yuduziga nisbat berilgan dushanba kunida Humoyunning kiyimida moviy va yashil ranglar ustun bo‘lardi. Seshanba kuni Humoyun uchun qizg‘ish nurli Mirrix yulduzining kuni. Seshan¬bada uning qabuliga amiri g‘azab nomini olgan hibsxona boshlig‘i va jallodlar sarkori og‘ir jinoyat qilgan aybdorlarni olib kiradi. Humoyun ularning eng ashaddiylarini qatl ettiradi.
Tabiatga qiyosan joriy etilgan «Qonuni Humoyu¬niyni» «shoirona did bilan qilingan kashfiyot» deb maqtab yurganlar oz emas. Ayniqsa, osmon timsolida birinchi o‘ringa qo‘yilgan ahli davlat vakili Bayra¬m¬xon yangicha tartibdan juda mamnun. Ammo Said Xalil kabi ruhoniylarning alami cheksiz. Axir osmon ilohiyot makoni emasmi? Ilohiyot ilmi bilan shug‘ul¬lanuvchi ulamolar, saidlar osmon ramzi bo‘lgan oliy tabaqaga kirishlari kerak ediku. Xondamir «oliy kashfiyot!» deb maqtagan «Qonuni Humoyuniy» Said Xalil boshliq ruhoniylarga shaytoniy bir o‘yinday, quruq xayolparastlikday tuyuladi. Sarkori havoyi emish! Osmonda tutqich bermay yuradigan havoga kim sarkolik qila oladi? Mirrix yulduzi qayoqda-yu, podsho kiyadigan kiyimning rangi qayoqda?!
Bu tajang o‘ylar ta’sirida shayxulislom Laxo‘rdagi Komron mirzoni va sharqdagi Sherxonni iliq bir xayrixohlik bilan esladi. Komron akasi Humoyunni pisand qilmasligi Said Xalilga ko‘pdan ma’lum. Komron pok musulmonchilikni mahkam tutadi. Humoyunga o‘xshab, majusiylarga yon bosmaydi. Bayramxon kabi dahriylarni to‘rga chiqarmaydi. Komronning mana shu xususiyatini bilgan Said Xalil oraga ishonchli odamlarni qo‘yib, u bilan allaqachon maxfiy aloqa o‘rnatgan. Humoyun uzoq viloyatlarga ketganda Komron mirzoga shoshilinich xufiya yuborib, Laxo‘rni tezroq egallashga undagan diniy peshvo — Said Xalil. Komron uning aytganini qildi-yu, Kobulga Panjobni qo‘shib olib, akasidan zo‘rroq bo‘ldi. Endi agar sharqda Sherxon bosh ko‘targani rost bo‘lsa, Humoyun otda bir oylik yo‘l bo‘lgan Bixarga qo‘shin tortib ketishi aniq. O‘shanda Said Xalil Komron mirzoga yana bitta yashirin maktub yozib, «Agrani egallash payti keldi», deydi. Shunda Komron mirzor Hindiston taxtiga chiqsa, Said Xalil¬dan umrbod qarzdor bo‘ladi, uning chizgan chizig‘i¬dan chiqmaydi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 10:39:49
«Qonuni Humoyuniy» ham va bugun Said Xalil¬ning alamini keltirayotgan boshqa narsalar ham bir zarba bilan nest-nobud bo‘ladi.
Fil minib borayotgan podsho odamlarga juda qudratli ko‘rinsa ham, aslida uning hokimiyati ichdan zil ketib zaiflashib qolganini, Humoyun taxtdan ag‘darilishi muqarrarligini Said Xalil zimdan sezadi va bu hodisani qo‘lidan kelganicha tezlashtiradi.

___________
* M u n i r — yorug‘ yuz, yorug‘lik.
* S a y i s x o n a — otxona.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:51:25
* * *

Tashqaridan qaraganda katta hashamat va silliqlik bilan o‘tayotgan navro‘z namoyishining ichi qaltiroq ekanini, yasan-tusan mavkab botiniy ziddiyatga to‘lib borayotganini Humoyun ham sezadi. U yashirin ziddiyatlar zahrini beg‘ubor odamlarning olqishi bilan kesmoqchi bo‘ldi-da, shig‘ovulga yana tanga sochishni buyurdi. Shig‘ovul siqimini tangaga to‘ldirib, shirador, yo‘g‘on ovoz bilan odamlarga murojaat qildi:
— Xaloyiq, ogoh bo‘ling! Bugun ilon yili tugab, ot yili kirdi! Ot — insonga vafodor jonivordir! Bu yilgi navro‘z hammangiz uchun xayrli bo‘lsin! Shu ulug‘ ayyomda kim qanday yaxshi niyat qilsa ilohim murodiga yetsin! — deb shig‘ovul xaloyiq ustiga siqimidagi tangalarni sochdi.
Bilmaydigan odam fil minib borayotgan Humo¬yunni: «Hech narsadan kamchiligi yo‘q, bearmon yigit», deb o‘ylaydi. Lekin hozir uning xiyobon chetida o‘g‘ilchasini ko‘tarib turgan o‘sha oddiy yigitga havasi keldi. Qani, tole unga ham shunday o‘g‘il ber¬sa! Bundan besh yil oldin o‘g‘il ko‘rish orzusida u ikkinchi xotin oldi. Oddiy yasovulning qizi bo‘lgan Mevajon ismli bu chiroyli juvon o‘sha yili homilador bo‘ldi. Mohim begim hali hayot edi, bo‘lajak nevara¬siga atab ko‘ylakchalar tikdirdi. Lekin Mevajon o‘n oyda ham, o‘n bir oyda ham tug‘may, qorni qappa¬yib yuraverdi. Keyin bilsalar, shunchaki... yel¬bo‘¬g‘oz ekan. Humoyun buni ham taqdirning achchiq bir kinoyasi deb bilib, juda qattiq iztirob chekdi. Xuddi o‘sha yili inisi Komronning xotini qo‘chqorday o‘g‘il tug‘di. Hozir bu bola kattagina bo‘lib qolgan. Humo¬yun uni har ko‘rganda ko‘zlari havas bilan yonadi...
Shig‘ovul xurjundan yana tanga oldi:
— Xaloyiq, Humoyun hazratlari navro‘z ayyomida qilgan barcha yaxshi niyatlariga yetsinlar! Yangi yil hazratimga qo‘chqorday o‘g‘il ato etsin! Omin!
Sochqining ketidan yugurib tanga talashayotganlar, albatta, duoga quloq ham solishgani yo‘q. Lekin xiyobon chetida Humoyunga jim qarab turgan boyagi chol yana yuziga fotiha tortdi. Shu payt Humoyun¬ning ko‘zi xiyobon chetidan otliq borayotgan qizlarga tushdi. Ular yuzlariga oq harir parda yopganlari uchun qosh-ko‘zlari unga aniq ko‘rinmaydi. Lekin tolma bellari va fotihaga ko‘tarilgan nozik qo‘llari yigitga juda sehrli tuyuldi.
 Chavkar ot mingan Hamida bonu Humoyunning tikilib qaraganini endi sezdi. Bir payt shamol qizning yuzidagi harir pardani ko‘tardi-yu, bir lahza ko‘z ko‘zga tushdi.
Shunday go‘zal qiz Humoyunga o‘g‘il tilab qo‘lini yuziga surgani yigitga behad yoqimli tuyuldi.
Bu orada mavkab daryo bo‘yidagi podsho bog‘iga yaqinlashdi. Humoyun boshliq ahli davlat bog‘ning ulkan darvozasidan ichkariga kira boshladi. Darvoza oldida uzun nayza tutgan qo‘riqchi yigitlar xiyobon chetlaridan tomosha qilib kelayotgan xaloyiqning yo‘lini to‘sdilar. Boqqa faqat maxsus ruxsati bor odamlargina kirishi mumkin. Bu ruxsatnomalar turli xil yoy o‘qi shaklida tarqatilgan. Mavkab ketidan bog‘ darvozasiga yaqinlashgan Gulbadan begim oti¬ning egari qoshidagi soqdondan oltin uchli yoy o‘qini olib soqchilarga ko‘rsatdi. Ular busiz ham podsho¬ning singlisini tanib qolgan edilar. Begim bilan otliq kelayotgan Hamida bonuga va Sultonim begimga yengil ta’zim bilan yo‘l berdilar. Bog‘ ichiga kirganlarni shig‘ovul tartib bilan turli yo‘lkalarga yo‘naltirib turibdi.
Humoyun mingan fil bog‘ to‘ridagi ikki qavatli ko‘shk tomonga burildi. Hamidalar esa Jamna chetida langar tashlab turgan shohona kemalarga tomon yo‘l oldilar.
Bu kemalarni haydaydigan eshkakchilar orasida Nizom ham bo‘lishi kerak. Hali kema sayrida Xonzoda begim uni Humoyun bilan tanishtirsa-yu, buni Nizom ham ko‘rsa... Hamida shuni o‘ylagan sari ko‘ngli bezovta bo‘lardi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:51:40
* * *

Fil baland shohsupaga yonini berib to‘xtagach, Humoyun uning ustidan tushdi-da, ko‘shkning ikkinchi qavatidagi qabulxonaga kirdi.
Bugun bayram bo‘lsa ham, davlat ishi tanaffus bilmaydi. U kema sayriga chiqishdan oldin kechiktirib bo‘lmaydigan favqulodda ishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar bermog‘i kerak. Gilam ustida tikka turgan ko‘yicha Turdibekdan so‘radi:
— Sharqdan ne xabar bor?
— Hazratim, Sherxon Chunorga hujum boshlabdir, qal’a ichidagilar qamalda qolmishlar. Hozir kelgan axborotga qaraganda, biznikilarning ahvoli tang. Tezda yordamga yetib bormasak, qal’a ilikdan chiqishi mumkin.
Otda Chunorgacha o‘n besh kunlik yo‘l. Humo¬yun o‘zi bor qo‘shinini boshlab bormasa boshqa hech bir bek Sherxonga bas kelolmaydi. Bir yilda bir keladigan navro‘z kunini ham xotirjam o‘tkazib bo‘l¬masligi Humoyunga juda malol keldi:
— Chunordagilar vahima qilmasin! — deb kesib-kesib gapirdi: — Qal’a devorlari mustahkam! bultur biz bu qal’ani qamal qilganda Sherxon uch oygacha darvoza ochtirmagan edi! Nahotki biznikilar bir oyga ham bardosh berolmasalar? Qal’a boshlig‘iga hoziroq maxsus chopar bilan farmoyish yuboring! Himoyada qat¬tiq tursinlar. Biz bir oyga qolmay yetib borgay-miz!
— Bosh ustiga hazrati oliylari!
Turdibek ta’zim qilib orqasi bilan yurib eshikdan chiqqach, Humoyun shohnishinga o‘tib o‘ltirdi. Arkoni davlat odatdagiday uning o‘ngu so‘liga tizilgandan keyin shig‘ovul boshqa mamlakatlardan kelgan elchilarni boshlab kirdi.
Birinchi bo‘lib kirgan Eron vakillai taxtga yaqin eng mo‘tabar o‘ringa o‘tkazildi. Humoyun otasining shoh Ismoil bilan boshlangan hamkorligini uning o‘g‘li Taxmasp bilan davom ettirmoqda edi. Buxo¬rodan kelgan shayboniyzodalar elchisi Eron vakillarini ko‘rarga ko‘zlari yo‘q. Ammo Humoyun ular bilan ham savdo-sotiq qiladi, mamlakat ichi shunday parokanda va notinch bo‘lib turganda shimoliy che¬garalarda yana urush chiqib ketmasin uchun shayboniyzodalar yuborgan elchilarning ko‘nglini olishga intiladi. Shuning uchun Buxoro elchisi podshoning chap tomonidagi mo‘tabar joylardan biriga taklif etildi. Humoyun Eron va Turon elchilarini bugungi daryo sayliga o‘zi bilan bir kemaga o‘tkazib olib bo¬radigan bo‘lgan.
Kemaga eng nufuzli a’yonlar ham chiqishi kerak, joy esa hisobli. Buning ustiga uzoq Portugaliyadan sovg‘a-salom bilan kelgan Alvaro Pakavira ham bugun Humoyunning huzuriga kirishga ruxsat so‘ra¬gan. Humoyun yevropa mamlakatlarini bir-biridan ko‘pda farq qilmas, ularning hammasini Farangiston deb atar edi. Shig‘ovulga:
— Farangiston elchisini chorlang! — deb buyurdi.
Shimi tizzasidan pastga tushmaydigan, qimmatbaho shohi paypoqlari boldiriga yopishib, oyog‘i shil¬dinglab ko‘rinadigan, chiroyli qora mo‘ylovlari o‘ziga yarashgan Alvaro Pakavira qora shlyapasini o‘ng qo‘liga oldi-da, o‘sha qo‘lini shlyapa bilan pastga sermab, ta’zim qildi. Orqaroqda Pakaviraning mulozimi silliq qizg‘ish yog‘ochdan jimjimali qilib yasalgan uzun bir g‘ilofni ko‘tarib turibdi. Pakavira forsiy so‘zlarni portugalcha ohangda talaffuz etib dedi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:51:56
— Bugungi navro‘z ayyomida biz Hindistonning ulug‘ hukmdori Humoyun hazratlariga Portugaliya ustolari oltin-u kumushlar bilan bezagan jangovar bir qurol keltirdik! — Pakavira g‘ilofdan kartech solib otiladigan yo‘g‘on quvurli miltiq oldi: — Buning qo‘ndog‘iga Hind ummonining sadaflari qadalgan, quvuri ispan kumushi bilan bezatilgan. Tepkisi esa Portugaliyaning sof oltinidan yasalgan!
Bek-u a’yonlar birdan jonlanib, Pakaviraning qo‘lidagi qurolga qiziqib ko‘z yugurtirdilar. Bundan dadillangan Pakavira sovg‘asini podshoga o‘z qo‘li bilan topshirmoqchi bo‘lib, shohnishinga qarab o‘ta boshladi. Shunda Humoyun o‘ng tomonda turgan Bayramxonga imo qildi. Bayramxon beklar safidan chiqib, mehmonning yo‘lini to‘sdi. Pakavira miltiqni ikki qo‘llab Bayramxonga topshirdi-da, orqasi bilan yurib, avvalgi joyiga chekindi.
Bayramxon Humoyunning ishorasi bilan miltiqni uning oyog‘i tagiga ko‘ndalang qilib yotqizib qo‘ydi.
Humoyun elchiga qarab:
— Janob Pakavira, — dedi. — Biz Farangiston ustolarining mehnatlarini e’zozlaymiz, navro‘z kuni bizni yo‘qlaganingiz uchun ham mamnunmiz. Bi¬roq... bu to‘fangning o‘qini kimga bergansiz?
— Hazrati oliylari, o‘q-doru solingan qutilarimiz kemada qolgan. Bu muhtasham ko‘shkka o‘q-dori ko‘tarib kirishdan tortindik. Agar siz xohish bildirsangiz, istalgancha o‘q-dori keltirib berishga tayyormiz!
— To‘fang-u o‘q-dori bobida farangilar bahodir¬shohga ham ko‘p saxovat ko‘rsatgan edilar. Guja¬rotdagi janglarda Bahodirshohning odamlari bizning ne-ne bek-u navkarlarimizni farangi to‘fanglardan otib o‘ldirganlari hali yodimizdan chiqqan emas!
— Hazrati oliylari, Bahodirshoh bizga ham dushman bo‘lib chiqdi. Unga Surat bandarida* ispan savdogarlari to‘fang sotganlar! O‘q-dorini ham Bahodir¬shoh o‘shalardan sotib olmishdir.
— Janob Pakavira, Hindistonga qachon kelgansiz?.. Uch yil? Uch yildan buyon qayerda istiqomat qilmoqdasiz?
— Ko‘proq Goa orolida.
— Bahodirshoh Goa orolida yashagan farangilar bilan ittifoq tuzgan emasmidi?
— Ammo Bahodirshoh keyin bu ittifoqni buzdi, bizga ham xiyonat qildi. Shundan so‘ng bizning odamlarimiz uni o‘ldirdilar. Biz endi siz bilan hamkorlik qilish orzusidamiz, hazrati oliylari!
Humoyun kinoyali jilmaydi:
— Xudo ko‘rsatmasin, agar biz ham Bahodir¬shohga o‘xshab jangda yengilsak, sizlar keyin uning kunini bizning boshimizga ham solgaymisiz?
— Alhazar! — deb qo‘ydi Said Xalil.
O‘ng‘aysiz ahvolda qolgan Pakavira shlyapasini u qo‘lidan bunisiga oldi-yu:
— Hazrati oliylari, siz yengilmas bahodirlardansiz,— dedi. Biz ishonamizki, sizga qarshi bosh ko‘targan Sherxon ham Bahodirshoh kabi mag‘lub bo‘lgay. Siz uning ustidan g‘alaba qozonishingiz uchun qancha to‘fang, qancha o‘q-dori kerak bo‘lsa biz sotishga tayyormiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:52:09
Humoyun hozir qamal azobidan qiynalayotgan Chunor qal’asidagi odamlarini ko‘z oldiga keltirdi-yu, yuzi tundlashdi. Dengiz orqali Bangola va Dakkaga suzib borgan farangilar Sherxonga mana shunaqa quvuri yo‘g‘on to‘fanglar va mushket o‘qlar sotayotganini humoyun mushriflar* yuborgan ax-borotlarda o‘qigan edi. Qamaldagilarni tutday to‘ka¬yotgan bu xatarli o‘qlar hozir uning oyog‘i tagida yotgan oltin tepkili to‘fangdan ham otilishi mumkin. Dengiz bo‘ylaridagi viloyatlarning roja va maharojalari ham farangi qurollar sotib olayotgani ma’lum.
— Siz farangilar, qurol sotib sarmoya orttirish bilan qanoat qilsalaringiz koshki edi! — Humoyun elchiga ko‘zini qadab gapirdi: — Biroq Bangola orqali Sherxonga qurol yetkazib berayotganlar biz¬ning saltanatimizni egallash ilinjidadir!
— Hazrati oliylari, Dakka orqali qurol-yarog‘ sotayotganlar biz emas, balki inglizlardir! Ingliz savdogarlari bizga ashaddiy raqibdirlar! Biz, portugaliyaliklar, sizga faqat yaxshilik istaymiz!
— Shaxsan siz to‘g‘ringizda yomon so‘z aytmoq¬chi emasmen, janob Pakavira! Siz hozir biz uchun hurmatli mehmonsiz. Ammo hindistonga kelgan boshqa farangilar mamlakatning bir o‘lkasini ikkinchisiga qarshi urushtirish harakatidalar. Biz ular sotayotgan qurollar bilan bir-birimizni qirib tashlasak, keyin Hindiston ularning tasarrufiga o‘tishi oson bo‘lg‘ay! Ammo bunday shum niyat bilan qurol sotgan farangilar bilsinlarki, ular olib kelgan to‘fanglar axiyri o‘zlariga qarshi otilg‘usidir!
Alvaro Pakavira bu gaplardan talvasaga tushib, qora shlyapasini yana bir marta pastga sermaganicha ta’zim bajo keltirdi:
— Hazrati oliylari, farangilar orasida shum niyat¬lilalir ham yo‘q emas, siz buni donolarcha payqabdursiz. Ammo biz siz tomoningizda turib ana o‘sha shum niyatlilar bilan jang qilishga tayyormiz! Chunki sizning payg‘ambaringiz Muhammad alayhissalom Qur’oni sharifda bizning muqaddas kitobimiz Injilni ehtirom bilan tilga olmishdir. buni davlatingizning diniy peshvolaridan Said Xalil janoblari ham tasdiqlashlari mumkin.
Pakavira Said Xalil tomonga olazarak bo‘lib qarab qo‘ydi. Saidning qo‘li uzun yengi ichidan ko‘rinmas, ammo barmoqlari bilan tasbeh o‘girib o‘ltirgani yeng uchidan chiqib turgan yirik marvarid donalarining sekin siljiyotganidan bilinar edi. Bu marvarid tasbeh uch kun burun Said Xalilga Pakavira tomonidan in’om etilganini Humoyun xufiyalarning kechagi ax-borotida o‘qigan, «taqsirimning qimmatbaho javohirlarga o‘chligini farangilar ham bilib qolibdir-da», deb o‘zicha ajablangan edi. Hozir esa Humoyun Said Xalilga Pakavira tushunmaydigan turkiy tilda savol berdi:
— Taqsir, g‘ayridinlar ilkidan olingan in’om sizdek tabarruk zotga joizmikin?
Humoyun Said Xalilning qo‘lidagi marvarid tasbehga ma’noli qilib qaradi. Said Xalil siri fosh bo‘lishidan cho‘chib, tasbehni darhol yeng ichiga yashirdi-yu, tomoq qirib:
— Hazratim, nasoralar* g‘ayridin bo‘lsalar ham, bir holda, bizga majusiylardan ko‘ra yaqinroqdir, — dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:52:25
— Sabab?
— Sababki, majusiylar o‘nlab xudolarning haykal¬larini yasab, ularning hammasiga sig‘ingaylar. Qaysi ulusning xudosi ko‘p bo‘lsa, unday ulusda yakdillik bo‘lmagay, mamlakat hamisha parokandalikdan azob tortqay. Ammo nasoralar ham biz kabi bir xudoga sajda qilurlar. Iso alayhissalomga sig‘i¬nurlar. Muham¬mad alayhissalom o‘z ummatlariga murojaat etib deydilarki, «Iso va Muso payg‘am¬barlardan ajralmanglar, imonda doim birga bo‘ling¬lar».
Pakavira forsiy tilda bu gaplarni eshitganda qaddini tiklab, ko‘krak kerib, atrofiga g‘olibona nazar tashlay boshladi. U eng mo‘tabar elchilar qatorida shohnishinga yaqin o‘ng tomondan joy ko‘rsatilishini va bugungi daryo sayriga podsho bilan bir kemaga chiqishni mo‘l turibdi.
— Taqsirim, — dedi Humoyun shayxulislomga. — Mehmon imon jihatdan samimiy bo‘lsa, bizdan ham samimiy ehtirom ko‘rgay. Nek niyat bilan kelgan bo‘lsa, biz ham unga yaxshilik qilaylik. Janob Turdibek, farangistonlik mehmonga kimxob to‘n in’om etilsin.
— Bosh ustiga, hazratim!
Kimxob to‘n Pakaviraning yelkasiga tashlangach, Humoyun so‘zida davom etdi:
— Bog‘da xizmat qiluvchi mulozimlarga buyuring, tillakori tolorda janob Pakavira uchun maxsus dasturxon yozib, navro‘z ne’matlaridan ziyofat bersinlar!
Alvaro Pakavira yelkasidagi kimxob to‘ndan terga botib ko‘shkdan tashqariga chiqar ekan, daryoda chayqalib turgan kemalarga endi alamli nazar tashladi. Uning bu yerga kelishdan maqsadi — bir amallab Humoyunning pinjiga kirish, podsho kemasida eng nufuzli a’yonlar bilan birga sayr qilish, ulardan ta¬nishlar orttirib, poraga uchadiganlarini qo‘lga olish edi. Lekin Humoyun unga mana bu og‘ir to‘nni kiydirdi-yu, ruxsat berib yubordi. Endi Pakavira huvillagan bog‘da bir o‘zi kema sayriga munosib ko‘rilmagan uchinchi darajali mulozimlar orasida yeydigan ziyofati tomog‘idan o‘tadimi? Humoyun uning niyatlarini yo‘qqa chiqarib, ustidan kulish uchun ataylab shunday qildi, chamasi. Ammo kim kimning ustidan kulishini Alvaro Pakavira hali unga ko‘rsatib qo‘yadi! U Humoyundan ish chiqmasligi mumkinligini oldindan hisobga olib, eng ishonchli odamlaridan birini o‘tgan hafta Sherxonning huzuriga jo‘natgan. Endi bugundan qolmay o‘zi ham Sherxon tomonga yo‘l oladi. Navro‘z bahonasida Humoyun kayf-safo qilib, beparvo yuraversin. Alvaro Pakavira uning saroyida ko‘rganlarini, og‘a-inilar va podsho bilan ruhoniylar orasidagi ziddiyatlarni Sherxonga batafsil aytib beradi. Said Xalildan qanday foydalanishning yo‘llarini tushuntiradi. Pakavira Humoyunning barcha dushmanlarini Sherxon atrofiga yig‘ib, bu temuriyzodani taxtdan ag‘darmaguncha bugungi alamidan forig‘ bo‘lmaydi!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:52:41
Ichkarida qolgan Said Xalil ham Pakaviraga o‘xshab, podshoning masxarasidan adovat tuyg‘usiga to‘lib o‘tiribdi. Shuning ustiga Humoyun Said Xalilning ashaddiy raqibi Xo‘ja Husaynni o‘z huzuriga chorladi.
Uzoq shimolga elchi bo‘lib ketganicha to‘qqiz yildan beri dom-daraksiz yo‘qolgan bu odam hali ham tirik ekanmi? Shig‘ovul ellik yoshlardagi mosh-gu-ruch soqolli, barvasta va ozg‘in Xo‘ja Husaynni eshikdan boshlab kirganda Said Xalil uni tanib, yuragi shig‘ etib ketdi. Bu o‘sha — Boburga juda yoqib qolgan va uning yordamida eng oliy diniy mansabni Said Xalildan tortib olmoqchi bo‘lgan Xo‘ja Husayn! U paytlarda soch-soqoli qop-qora, qirq yoshli norg‘ul qori edi. Endi yuzlari, pehshona va chakkalari keksalik ajinlari bilan qoplanibdi. Ammo qadam olishi hali ham tetik. O‘shanda Said Xalil bu xatarli raqibdan qutulish uchun uni g‘ayridinlar yashaydigan uzoq moskoviyaga* elchi qilib jo‘natishga astoydil intilgan edi. Unga qo‘l kelgan dalil Xo‘ja Husaynning xorazmlik bo‘lgani va yigitlik paytlarida Dashti Qipchoq orqali Moskoviyaga borib kelgani edi. Shayx Husaynning o‘zi ham Boburga shimoldagi qorli cho‘llar, g‘aroyib o‘rmonlar, qalin muz ostidan oqadigan daryolar, qish bo‘yi chana va chang‘ida yuradigan odamlar haqida maroqli hikoyalar aytib bergan edi. Tabiatan sayyoh bo‘lgan va yangi o‘lka¬larni kashf etishga juda qiziqadigan Bobur Mosko¬viyaga elchi yuborib, hamkorlik qilish va ikki orada karvon yo‘li ochishni ixtiyor qildi. Said Xalil elchilikka eng munosib odam qilib Xo‘ja Husaynni ko‘rsatdi.
Xo‘ja Husaynning o‘zi ham hind issiqlaridan qiynalib yurar, salqin o‘lkalarga sayohat qilishni istar, Moskoviyaga borib kelishda tug‘ilib o‘sgan yurti Xorazmni yana bir ko‘rishga ishtiyoqmand edi. Bobur elchilikka undan munosibroq odam topa olmay, hijriy 937* yilda Xo‘ja Husaynni Moskoviya podshosiga atalgan maktub va sovg‘a-salomlar bilan Agradan jo‘natib yubordi. O‘sha yili kech kuzda Boburning o‘zi bedavo kasalga uchrab vafot etdi. Xo‘ja Husayn esa o‘sha ketganicha qaytib kelmadi.
Said Xalil undan butunlay qutuldik deb yurganda bugun yana Xo‘ja Husayn qayoqdan paydo bo‘lib qoldi? Humoyun ham unga alohida ehtirom ko‘rsatib o‘rnidan turdi va qo‘l berdi. Odatga binoan, Xo‘ja Husayn podshohning qo‘lini tavof qilib o‘pdi-yu, birdan ko‘ziga yosh oldi:
— Hazratim, sizni ko‘radigan kun ham bor ekan!
— Mavlono, nechun bunchalik hayal qildingiz? To‘qqiz yil bo‘ldimi?
— Butun to‘qqiz yilim sarson-u sargardonlikda o‘tdi, amirzodam! Borishda Eron-u Kavkaz orqali ketsam bo‘lar ekan. Tug‘ilgan yurtimning mehri tortdi-yu, Murg‘ob daryosidan o‘tib, Xorazm orqali borajak bo‘ldim. Lekin Marida shayboniyzoda sultonlarning ilkiga tushib qoldim. Boburshohning nomini eshitsa to‘nlarini teskari kiyadigan johillar bor-budimni musodara qilib, o‘zimni zindonga tashladilar. Endi tirik qutulmasman deb o‘ylagan edim. Xayriyatki, xorazmlik qarindoshlarim xabar topib kafilga oldilar. Xorazmdan Moskoviyaga karvon qatnovi to‘xtab qolibdir. shuning uchun Xurosonga qaytib kelib, Mozandaron orqali Kavkazga bordim. Hamma joyda yurt notinch, o‘zaro urushlar, qaroqchilar... Hazar dengizidan Idil* orqali Moskoviya mamlakatiga yetib borgunimcha uch yil o‘tdi. Qimmatbaho savg‘olardan ayrilib abgor bo‘ldim. Faqat Bobur hazratlari yozgan maktubni jon o‘rniga asragan edim, alqissa, Mosko¬viya podshosiga eltib topshirdim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:52:57
Xo‘ja Husayn bir uh tortdi-yu, boshini xam qilib davom etdi:
— Moskoviya taxtiga ulug‘ kiniyaz* Vasiliy Ioannovich degan kishi o‘ltirgan ekan. Mening xarob ahvolimni ko‘rib Hindiston podshosi¬ning elchisi ekanimga uncha inonmadi.
— Maktubni o‘qisa muhridan ham bilishi mumkin edi-ku? — hayron bo‘lib so‘radi Humoyun.
— Ne til bilan aytay, amirzodam, maktubning muhr bosilgan joyi ham uch yil davomida hilvirab tanib bo‘lmas ahvolga tushgan edi. Moskoviya podshosi esa Bobur hazratlarining Hindistonga podsho bo‘lganlaridan mutlaqo bexabar ekan. Ikki oradagi masofalar shunchalik uzoq, bordi-keldi yo‘q. Hindistondan Moskoviyaga borgan birinchi odam men ekanman. Shohona sovg‘alarimni yo‘lda qaroq¬chilarga oldirib qo‘yganim uchun Erondan mayda-chuyda mol olgan edim. Ular Hindiston moli o‘rniga o‘tmadi. Alqissa, Moskoviya podshosi aytdiki, ehtimol, sen bir sayyohdirsan, Bobur — podshomi yoki podshoning xizmatidagi odammi — bizga ma’lum emas, shuning uchun biz unga o‘z elchimizni yubora olmaymiz, ammo Hindiston bilan Moskoviya orasida sen kabi sayyohlar borib-kelib tursalar, biz unga tarafdormiz.*
Said Xalil Xo‘ja Husaynning elchilikni eplay olmaganidan quvonganday labini burib:
— Ana xolos! — deb qo‘ydi.
Bu so‘zlardagi istehzoni sezgan Xo‘ja Husayn Humoyundan himoya istab gapirdi:
— Lekin men Moskoviyadan natijasiz qaytganim yo‘q, hazratim! Moskoviya xalqi orasida bizning ellarni ko‘rgan odamlar ham bor ekan. Ular mening elchi bo‘lib borganimga ishondilar. Podsholaridan ko‘rmagan izzat-ikromni mana bu Matvey Kalitinga o‘xshash yaxshi rus kishilaridan ko‘rdim!
Xo‘ja Husayn shunday deb orqasiga o‘girildi va qo‘lqopli o‘ng qo‘liga chiroyli qarchig‘ayni qo‘ndirib turgan qo‘ng‘irsoqol odamni ko‘rsatdi.
Xo‘ja Husayn shimol sovuqlarida shamollab, elchiligi natija bermaganidan ezilib kasal bo‘lib yotganda mana shu odam uni so‘roqlab keladi. Savdo karvonlari bilan sayohat qilishni yaxshi ko‘radigan Matvey Kalitin bundan yuz yillar oldin Hindistonga kelib ketgan Afanasiy Nikitinning ixlosmandi edi. Uning qo‘lida Afanasiy Nikitinning Hindiston safari haqidagi kundalik daftaridan ko‘chirilgan qo‘lyozma kitob bor edi. Matvey Semyonovich bu kitobni qayta-qayta o‘qigan, unda uchraydigan ba’zi turkiycha va forsiy iboralarni tushunmasa ham, Afanasiy Nikitin qalamga olgan yurtlar tasviriga nihoyatda qizi¬qib yurar edi. Karvon bekatida kasal bo‘lib yotgan Xo‘ja Husayn hindistonlik ekanini eshitgan Matvey uni o‘zining uyiga olib ketadi, unga ayiq o‘tidan tayyorlangan dorilar ichirib davolaydi. Xo‘ja Husayn Matvey Semyonovich Kalitinning yurti Muromda uch yil qolib ketadi. U bilan xizmatkoriga muromliklar o‘rmon chetidan yog‘och uy qurib beradilar, uni «Baburin posol», ya’ni «Boburning elchisi» deb hurmat qiladilar. Bora-bora Xo‘ja Husayn ruslar orasida Baburin degan familiya bilan taniladi. U xizmatkori bilan o‘rmon chetida turadigan joyga «Baburinskiy xutor» degan nom beriladi. Matvey Semyonovich bilan Xo‘ja Husayn bir-birlarining tillarini o‘rga¬nishadi. Daryo yo‘li bilan Novgorod orqali Qozon xonligiga borib, tijorat qilishadi va Hindiston safari uchun mablag‘ yig‘ishadi. Ko‘p xavf-u xatarlarni boshdan kechirib, nihoyat, agraga kelishadi.
Humoyun bu gaplarni eshitgandan so‘ng Xo‘ja Husaynning hamrohi bo‘lgan qo‘ng‘irsoqol barvasta Matvey Semyonovichga qiziqib qaradi. Kalitin charm qo‘lqop kiygan, qo‘lidagi bo‘z qarchig‘ayning ko‘zlari yupqa charm niqob bilan to‘sib qo‘yilgan. Yon eshikdan podsho qushchisi ham o‘ng qo‘liga qo‘lqop kiyib chiqdi. U qarchig‘ayni mehmonning qo‘lidan sekin olib, o‘z qo‘liga qo‘ndirar ekan, jim o‘tirgan qush qanotlarini yoyib, qattiq bir talpindi. Shunda uning o‘tkir tirnoqlari qushchining qo‘lqopli qo‘lini shaxt bilan changalladi. Humoyun qo‘lqop charmiga tig‘day botgan tirnoqlarga qarab, Moskoviya qar¬chig‘a¬yining zabardast ekanini payqadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:53:14
Matvey Kalitinning ketidan kelayotgan xizmatkor yigitning qo‘lida yaxshilab taxlangan va mo‘ynasi oltinday tovlanayotgan samur* po‘stin bor edi. Sov¬g‘a qabul qiladigan yasovul uni xizmatkorning qo‘lidan olib, ichkariga kirib ketdi.
Qo‘li bo‘shaganidan yengil tortgan Matvey Se¬m¬yo¬novich boshidan kartuzini olib, podshoga ta’zim qilar ekan, uning o’siq, qo‘ng‘ir sochlari peshonasiga osilib tushdi.
— Janob Matbiy, — dedi, — shunchalik uzoq yo‘llardan yetkazib kelgan nodir sovg‘alaringiz uchun sizga tashakkur. Ammo biz uchun bu sovg‘alardan ham azizroq in’omingiz — Xo‘ja Husaynni omon saqlaganingizdir, u bilan hamroh bo‘lib kelganingizdir!
Turkiy tilni Xo‘ja Husayn yordamida o‘rgangan Matvey Semyonovich hali talaffuzda biroz qiynalar, ayniqsa, «h» deyolmas edi:
— Gazrati oliylari, Go‘ja Guseynni bizning Moskvaga yuborganlaringiz men uchun-da, buyuk bir inam bo‘ldi. Uning sharofati bilan g‘arayib mamlakatlarni ko‘rdim.
— Bizdan ne tilagingiz bor? Ayting.
— Men tijorat ishi bilan kelmishmen. Agra bozorida «sen nasora» deb, boj-u xirojdan tashqari, molimga tamg‘a solig‘i ham soldilar.
Humoyun vazirga yuzlandi.
— Janob Turdibek, moskoviyalik mehmonga biz¬ning nomimizdan yorliq bering, uning mollaridan tamg‘a solig‘i olinmasin, qalamravimizdagi barcha bozorlar, hamma yom bekatlari janob Matbiyni bizda bor imtiyozlardan bahramand qilsinlar. Chunki Xo‘ja Husayn uch yilda zo‘rg‘a yetib borgan uzoq Moskoviyadan bu yerga nodir mollar olib kelishning o‘zi bir jasoratdir.
— Haq gap aytdingiz, hazratim,— dedi Turdibek ta’zimga bosh egib. — Farmoyishingizni bajonidil ado etgaymen! Toki jannatmakon otangiz niyat qilganla¬ridek, Hindiston bilan Moskoviya orasida savdo karvonlari qatnashiga imkon ko‘paysin!
— Axir bu karvonlar faqat mol tashimagay, balki ikki oraga tanish-bilishlik rishtasini tortgay, — dedi Humoyun. — «Tanimaganni siylamas» degan gapning rostligini Xo‘ja Husaynning boshiga tushgan savdo ham ko‘rsatmishdir. Agar ikki orada bordi-keldi bo‘lsa edi, Moskoviya podshosi bizning kimligimizni loaqal karvon bilan kelib-ketgan o‘z sayyohlaridan eshitib bilmog‘i mumkin edi. Ana unda elchimizga muno¬sabat ham boshqacha bo‘lur edi... Janob Matbiy, siz nasora dinida bo‘lsangiz, Iso payg‘ambarning ummatimisiz?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:53:30
— Ayni shunday, gazrati oliylari.
— Undoq bo‘lsa... Said Xalil janoblari boya nasoralarning imon jihatidan bizga yaqinliklari haqida ko‘p mo‘tabar dalillar keltirgan edi. Endi biz ana shu dalillar asosida janob Matbiyni navro‘z sayliga taklif etgaymiz! — Humoyun o‘rnidan turdi va Xo‘ja Hu¬saynga qarab davom etdi: — Mavlono, siz ham ahli davlat bilan birga bizning kemaga marhamat qiling. Sizning shunday uzoq ellarga borib kelganingiz — ta¬rixda qoladigan ulug‘ ish bo‘libdir. Endi yo‘l azobla¬ridan forig‘ bo‘lib, istirohat qiling!
Humoyunning Xo‘ja Husaynga ko‘rsatgan har bir iltifoti Said Xalilning diliga go‘yo zaharli tikan bo‘lib qadalar va butun vujudida og‘riq qo‘zg‘atar edi. Axir Xo‘ja Husayn Said Xalilning ashaddiy raqibi ekanini ko‘pchilik biladi. Xo‘ja Husayn ham oqsuyak saidlardan, ilohiyot ilmidan tashqari dunyoviy bilimlarni yaxshi o‘rgangan, qilich taqib jang qilish ham, elchilik ham qo‘lidan keladi. Shuning uchun Humoyun uni Said Xalilning o‘rniga shayxulislom qilib ko‘ta¬rishni jon-dilidan istab turibdi.
Lekin Said Xalil bunga yo‘l qo‘ymaydi! U diniy hokimiyat podsho saltanatidan baland turishini isbot etmog‘i kerak.
Said Xalil chora izlab atrofiga qarar ekan, ko‘shkda o‘ltirganlardan najot topolmasligini sezdi. Faqat Laxo‘r¬dagi Komron mirzo va Chunor qal’asini qamal qilayotgan Sherxon Said Xalilni murodiga yetkazmog‘i mumkin. Humoyun Said Xalil bilan o‘z munosabatlarini shu darajada keskinlashtirdimi, endi uning jazosini Sherxon bermog‘i lozim. Sherxon bundan o‘ng yil burun Bobur xizmatiga kirganda Said Xalilga qo‘l berib murid bo‘lgan edi. Keyingi yillarda oralari uzoqlashib ketgan bo‘lsa ham, Sherxon haligacha uni unutmagan ekan. O‘tgan hafta Sherxonning savdogar qiyofasida Agrada yurgan xufiyasi Said Xalilni jome masjidida xoli topdi. Unga Sherxon nomidan oltin shamdon sovg‘a qildi, so‘ng maxfiy maktub topshirdi. Maktubda Sherxon Said Xalilni «piri buzrukvor» deb ulug‘lagan, o‘z yurti Bixarga taklif etgan va eng oliy diniy peshvolik lavozimini va’da qilgan edi. Said Xalil Agrada ham diniy peshvo bo‘lgani uchun, poytaxtni tashlab ketishga ko‘ngli bo‘lmayapti. Endi agar Humoyun uning o‘rniga Xo‘ja Husaynni diniy peshvo qilib ko‘tarish harakatiga tushsa Said Xalil jim qarab turmaydi. Darhol Sherxonning maktubiga javob yozib, o‘sha xufiya orqali Bixarga jo‘natadi, Humoyunning zaif joylari nimada ekanini Sherxonga bir-bir ma’lum qilib, uning g‘alabasiga ko‘maklashadi.
Humoyun ko‘shkdagi ishlarini tugatgach, bek-u a’yonlar bilan birga boqqa chiqdi. Mavkab daryo chetida turgan kemalarga qarab borar ekan, Said Xalil bir chetda mulozimlar to‘piga qo‘shilib ko‘zlari olazarak bo‘lib turgan Alvaro Pakavirani ko‘rdi. Ko‘z ko‘zga tushganda uning Said Xalilga aytadigan gapi borligi sezildi. Xo‘ja Husayn Moskoviyadan boshlab kelgan Kalitin eng mo‘tabar mehmonlar qatorida kema sayriga taklif qilindi-yu, Said Xalilning himo¬yasidagi Pakavira bir chetga chiqarib tashlandi. Bu ham Said Xalilning e’tibordan qolganini, uning o‘rniga Xo‘ja Husayn ko‘tarilayotganini oshkora ko‘rsatmayaptimi? Said Xalil fig‘oni chiqib shuni o‘ylagan paytda boshi iskanjaga tushganday og‘rib, ko‘zi tina boshladi, qo‘ygan qadami istagan joyiga tushmay, gavdasi chayqalib ketdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:53:43
Daryo bo‘yidagi kemalar tomondan esa karnay vahvahasi, nog‘oralarning shodlikka to‘la taka-tumi eshitilib turibdi. Bu hammasi Said Xalilni battar ezdi, karnay-surnaylar omadi kelgan Xo‘ja Husayn uchun chalinayotganday tuyuldi. Chunki Xo‘ja Husayn hozir ahli davlat bilan birga eng oldinda turgan podsho kemasi «Gunjoyish»ga chiqadi. Said Xalil esa yana orqa qatorda — ahli saodat uchun ajratilgan ikkinchi darajali «Osoyish» kemasida o‘ltirishga majbur.
Yo‘q, zinhor! Said Xalil rangi o‘chgan holda shig‘ovulga yondoshdi. Ovozi qaltirab:
— Mening ahvolim yomon! — deb shivirladi. — Boshim aylanmoqda. Xafaqon xuruj qildi. Hazratim so‘rasalar ayting, faqir muolaja qilgali uyga qayturmen.
Shig‘ovul uning ko‘karib ketgan yuziga qarab:
— Xo‘p, taqsir, mayli, tangrim sizga salomatlik bersin! — dedi.
Said Xalil orqasiga qaytayotganda yana Pakavirani ko‘rdi. Bahodirshohday tojdorni mahv etgan bu farangilar — juda katta kuch, qurollari ko‘p. Said Xalil uning Sherxon bilan ittifoq tuzishiga yordam bersa, ana undan keyin Humoyun shayxulislom uchun qaziyotgan chohiga o‘zi qulashi aniq! Said Xalil shu niyatni diliga tukkanda o‘zini birdan yengil sezdi, bosh og‘rig‘i ham pasayganday bo‘ldi. U bog‘ darvozasi tomonga o‘tar ekan, Alvaro Pakaviraga «ketimdan boring!» degan ishorani qildi.

__________
* B a n d a r — port.
* M u sh r i f l a r — qo‘shni o‘lkalarda yashirin ish olib boruvchi razvedkachilar.
* N a s o r a — xristian.
* M o s k o v i ya — Moskva degani.
* H i j r i y — melodiy 1530-yilga to‘g‘ri keladi.
* I d i l — Volga.
* K n ya z   demoqchi.
* Hindistondan Moskvaga birinchi marta Bobur elchisi borgani o‘sha davrning katta voqealaridan biri bo‘lganini ziyrak rus solnomachilari sezadilar. Ular Xo‘ja Husaynning nomini ham, Bobur yuborgan yorliqda Hindiston bilan Moskva orasida do‘stlik va birodarlik aloqalarini o‘rnatish taklif qilinganini ham, Vasiliy Ioannovich bu yorliqqa javoban 1533-yilning sentabr oyida nimalar deganini ham maxsus solnomaga ba-tafsil yozib qo‘yadilar. Bu solnoma ulug‘ rus tarixchisi N.M. Ka¬ramzinning asarida XII jild, 1852-y. nashri, 163-betda keltirilgan.
* S a m u r — sobol.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:53:55
* * *

Uchinchi bo‘lib turgan «Oroyish» kemasi oldida yasan-tusan ayollar ko‘rindi. Humoyun ularning onaboshisi  Xonzoda begimni uzoqdan tanidi. Singlisi Gulbadan, Hindolning kelinchagi Sultonim, haram ahlidan Beka begim olti yashar qizchasi Aqiqa bilan... Boshqa chiroyli qizlar ham bor. Ular kim bo‘ldi? Oldinda ketayotgan Humoyun ukasi Hindolni yoniga imladi. Turdibekka esa:
— Siz elchilarni ahli davlat bilan birga kemaga boshlang, — dedi. — Biz Hindol bilan ammam hazratlarini ko‘rib o‘taylik.
Og‘a-ini «Oroyish» kemasiga burildilar. Podsho kelayotganini ko‘rgan ayollar qaddi-qomatlarini rostlab, Xonzoda begimdan narida tizilib turdilar. Humoyun va Hindol ammalariga yelkalarini berib ko‘rishar ekanlar, yosh ayollar ularga bosh egib ta’¬zim qildilar. Humoyun ularni navro‘z bilan muborakbod qildi.
— Mana shu «Oroyish» kemasi bizdan sizlarga navro‘z savg‘osidir, — deb hazillashdi.
Singlisi Gulbadan begim Sultonim bilan sho‘x bir ko‘z urishtirib oldi-da, hazil bilan javob qildi:
— Hazratim, saxovatingizdan minnatdormiz, ammo bu ulkan kemani uyga olib ketolmagaymiz. Biz, ojizalar, uyga ko‘tarib ketishga kuchimiz yetadigan sovg‘alardan umidvormiz!
Hammalari bir kulib oldilar. Humoyun:
— Ular ham berilgay! — dedi. — Lekin avval biz bir neni bilaylik: bizga ham atalgan navro‘z savg‘olaringiz bo‘lurmi?
Kulgi yana bir daraja balandroq yangradi. Gulbadan Xonzoda begimga qarab:
— Ammam hazratlari sizga atab bir g‘aroyib savg‘o tayyorlamoqchilar, — dedi.
Humoyun ammasiga umid bilan yuzlandi. Shunda Xonzoda begim Hamida bonu va uning yonidagi qizlarga ishora qilib dedi:
— Humoyunjon, siz qizlarning chavgon o‘yiniga ishtiyoqmand edingiz-a?
— Ha, navro‘z ayyomida biz uchun bundan maroq¬li tomosha yo‘q.
— Undoq bo‘lsa aniq vaqtini tayin eting. Qizlarimiz sizga chavgon tomoshasi ko‘rsatmoqchilar.
Humoyun qizlar orasida eng ko‘hligi bo‘lgan Hamida bonuga qiziqib qaradi-yu:
— Bajonidil! — dedi. — Mana bugunoq...
Erining Hamida bonuga qaragan ko‘zlari cho‘g‘day yonib ketganini payqagan Beka begim lablari alamdan titrab gapirdi:
— Hazratim, balki bugunga kema sayri ham yetarlidir?
Humoyun xotinining savoli tagidagi alamli ma’noni tushunib o‘ng‘aysizlandi. Ikki oydan beri Beka begimni yo‘qlamay qo‘ygan er, yana onasi o‘pmagan qizlarga ko‘zi yonib qaragani Humoyun¬ning o‘ziga ham noqulay tuyuldi. Naryoqda ikkinchi xotini Mevajon o‘zini baxtsiz sezib, g‘amgin bo‘lib yuribdi. Humoyun hindi tilini o‘rgangan, bultur Chand bibi degan hind qiziga ham uylangan edi. Bu juvon kecha xobgohda Humoyunning ko‘ksiga bosh qo‘yib yum-yum yig‘lagani hozir esiga tushib ko‘ngli xira bo‘ldi.
Qora shirindan kelgan ohuday chaqqon Chand bibi Humoyunga tegmasdan oldin qanchalik sho‘x va quvnoq edi! Uning otasi Humoyunning kutubxonasida sanskrit kitoblarni tarjima va talqin qiluvchi olim bo‘lib ishlardi. Qiz Humoyunni kutubxonada mutolaaga qattiq berilgan paytlarda zimdan kuzatib yurib yaxshi ko‘rib qolgan ekan. Hindlarning Xoli bayramida qizlar o‘zlarini himoya qila oladigan yigitni tanlab, uning bilagiga bir shoda gul taqadilar. Rakshabandi deb ataladigan shu odatga binoan Chand bibi Xoli bayrami kuni bog‘da Humoyunning bilagiga chiroyli gulshoda taqdi. O‘sha damda qiz ham Humoyunga juda yoqib qoldi. Balki unga valiahd o‘g‘ilni mana shu hind qizi tug‘ib berar? Unga uylanish bilan balki Humoyun hind elining ko‘ngliga yaxshiroq yo‘l topar?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:54:08
Biroq Said Xalil boshliq ruhoniylar boshqa dindagi qizga nikoh o‘qishdan bosh tortdilar. «Shariat bo‘yicha qiz musulmon dinini qabul qilsin, so‘ng biz nikoh o‘qiymiz», deyishdi. Agar Chand bibi muslima bo‘lmasdan turib o‘g‘il tug‘sa, uni musulmon podshosining taxtiga valiahd qilish ham mumkin emas — ko‘pdan qabul qilingan rasm-u odat shunday. Hu¬moyun buni Chand bibiga tushuntirdi, unga kalimayi shahodatni o‘rgatdi. Qiz yigitga bo‘lgan muhabbati tufayli uning aytganini qildi. Hind dinida tangrilar ko‘pligini tabiiy deb biladigan Chand bibi eri sig‘ingan yana bitta Xudoga sig‘inishni faqat kalimayi shahodatdan iborat deb o‘ylagan edi.
Lekin u nikohdan o‘tgach, Humoyun ko‘p o‘tmay Gujarat tomonlarga harbiy yurishga ketdi. Chand bibi qilich taqqan beshafqat ayol — haram bekasining ixtiyorida qoldi. Unga hindcha sari kiyishni taqiqlashdi, muslima ayollar kabi uzun ko‘ylak, qabo, zar jiyakli lozim kiydirishdi. Haram bekasi uni boshqa ayollar qatori besh vaqt namoz o‘qishga majbur qildi.
Agar Chand bibi boshqa mamlakatga olib ketilganda, ehtimol, bu o‘zgarishlarga osonroq ko‘nikkan bo‘lardi. Lekin u o‘z vatanida yashamoqda edi. Boqqa chiqsa hindlarning muqaddas daraxti ashoka va ban’yanni ko‘radi. Gullar ham hind ma’budalarini yodiga soladi. Jamna bo‘yiga yuvinishga borsa boshqa afsonaviy daryo — Sarasvati yodiga tushadi. Sarasvati esa eng qudratli ayol xudolardan hisoblanadi. Chand bibi unga ham, jazo beruvchi Shivaga ham, o‘zi bolalikdan sig‘inib yurgan Durgaga va boshqa muqaddas ma’budalarga ham xiyonat qilgan kabi doimiy g‘ashlik va vahm ichida yashaydi. Kechalari tushlariga ki¬radigan Shiva, Durgalar uni jazolab goh ilonga chaqdiradi, goh botqoqqa g‘arq qiladi, goh yirtqichlar changaliga tashlaydi. Juvon uyqudan bosinqirab uyg‘onadi va dag‘-dag‘ titraydi.
Humoyun Gujaratdan qaytib kelguncha Chand bibi ruhiy qiynoqlardan ozib, so‘lib, asab kasaliga duchor bo‘lgan edi. Humoyun uning xobgohiga borgan kechalari Chand bibi quvnab ashula aytayotgan joyida birdan ko‘ngli buzilib yig‘lab yuborar, uxlagan paytlarida esa ingrab uyg‘onar, vujudi vahima ichida titrab, Humoyundan himoya istardi. Uni yupatguncha Humoyunning o‘zi ham ruhan qiynalib, uyqusi o‘chib ketar, keyin boshqa xonaga chiqib, gulobga afyun qo‘shib ichar va shu bilan qaytadan uyquga ketardi.
Ohuday yayrab yurgan qizning bir yil o‘tmay shunday so‘lib qolishiga Humoyunning o‘zi ham aybdor emasmi? Haramdagi tartiblarni o‘zgartira olmas ekan, nega bu qizga uylandi? Nega uni boshqa dinga o‘tkazdi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:54:24
Beka begim ham, Mevajon ham undan baxt topgan emas. Hozir Beka begim, «bizni shu ko‘yga solganingiz ozmidi? Yana boshqa go‘zal qizlarga ko‘z tikishingiz insofdanmi?» deganday ko‘rindi. Shuning uchun Humoyun Beka begimga darhol yon bergan kabi:
— Mayli, chavgonni... ertaga peshindan so‘ng tamosho qilg‘aymiz, — dedi.
Shu orada Hamida Bonu Humoyunga zimdan sinchiklab qarab oldi. Boya fil ustida gavdasi kichik ko‘ringan edi, uning bo‘yi baland, yelkalari keng, durkun yigit ekanini qiz endi bildi. Chiroyli qilib tarashlangan kalta soqol-mo‘ylovi oftob nurida qizg‘ish tusga kirib tovlanadi. Sallasidagi olmosdan tashqari belidagi kamariga, xanjarining sopi va qiniga qadalgan dur va la’llar tiniq va osuda bir jilo berib turadi. Humoyunning qarshisida Beka begim nursizgina juvon bo‘lib ko‘rindi. Shunga qaramay bu begim Humoyunning so‘zini bo‘lib luqma tashlagani Hamidaga juda erish tuyuldi.
Beka begim o‘zi hamma chiroyli qizlardan erini rashk qiladigan ayol bo‘lsa kerak, Hamida bonuga har ko‘zi tushganda unga tikanini bir sanchib olguday bo‘lib qaraydi.
Humoyun ayollar bilan gapini tugatib, oldingi kemaga qarab ketgandan keyingina Beka begimning ko‘zlaridagi tikanlar sal kamayganday bo‘ldi. Bu begim xazinadan ham hamyon-hamyon oltinlar olib turadi, haram bekalarini ham o‘ziga bo‘ysundirib olgan. Udumga binoan, podsho haramidagi kichik xotinlar katta xotinga bo‘ysunmog‘i kerak. Hamida bonu bu haqda ko‘p mishmishlar eshitgan. Chand bibining boshiga tushayotgan og‘ir savdoda ham Beka begimning qo‘li bor, deyishadi.
Hamida bonuning bu murakkab ziddiyatlardan ko‘ngli g‘ash bo‘layotganini Xonzoda begim sezdi chamasi, kemaga chiqqanlarida sekin qizning qo‘lidan olib, yelkasini siladi va past tovush bilan sirdoshlarcha shivirladi:
— Bonu qizim, sizdan umidim katta.
Xonzoda begim faqat ertangi o‘yinni emas, undan ham kattaroq, muhimroq narsalarni nazarda tutganini Hamida bonu payqadi.
— Hazrat begim, — dedi va ixlos to‘la ko‘zini Xonzoda begimning serajin yuziga tikdi. — Men chavgonda umidingizni oqlash uchun jonimni ham ayamasmen. Lekin oliynasab begimlar davrasida... notavon... ojizamen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:54:46
— Yo‘q, sherqiz, siz hali o‘zingizni bilmaysiz. Men sizda tovonolik* kurtaklarini ko‘rib turibmen. Bu dunyoda yaxshi-yomonni ko‘p ko‘rib, ko‘zim pishib qolgan, menga inoning. Sizdagi tovonolik niholi parva¬rish qilinsa, ulkan daraxt bo‘lib o‘sgay, bebaho mevalar bergay!
— Qani edi!.. Agar shunday tovonolik menga nasib qilsa, uning eng yaxshi mevasini eng avval o‘zingizga ta’zim bilan tutgaymen, hazrat begim.
Bu gapdan ikkovlarining ham ta’blari ochilib, ko‘ngillari ko‘tarildi, kema ustidagi zeb-ziynatlarga va ziyofat dasturxonlariga endi quvonib ko‘z tashlashdi. Kamalak rangli anvoyi gulshodalar orasidan surnay va nog‘ora tovushlari kelmoqda. Chanqagan begimlarga sharbatchilar oltin piyolalarda ta’zim bilan xushbo‘y sharbatlar tutadilar. Oyoq ostida cho‘g‘day yongan gilamlar. Atrofda bag‘ri keng daryoning jimir-jimir to‘lqinlari.
Bu to‘lqinlar birdan Nizomni Hamidaning yodiga soldi. Kemaning pastki qavatida navro‘z munosabati bilan oltinrang ipak matodan bashang kiyimlar kiygan eshkakchilar o‘ltirishibdi. Hamida bonu yuqoridan ularga ko‘z qirini tashlab nizomni topolmadi. Shu payt podsho chiqqan oldingi kemaning eshkakchilaridan biri bu tomonga zimdan tikilib turganini payqadi. Hamida gulshodalar orasidan sinchiklab qarasa — Nizom! Qizning badaniga shirin bir harorat tarqaldi. Podsho kemasining eshkakchilariga sariq parchadan tikilgan yaktak va o‘sha rangdagi jajji salla kiydirishgan ekan. Bu kiyimlar Nizomning yigitlik husnini juda ochib yuboribdi. U kemaning pastki tor qavatida qator eshkakchilar orasida o‘tirgan ko‘yicha ortki kemaning ochiq sahnida turgan Hamidaga jilmayib bosh irg‘adi.
Agar Hamidada Xonzoda begim aytgan tovonolik chindan bor bo‘lsa, u eng avval mana shu yigitning qadrini boshi ustida ko‘taradi. Ertangi chavgon o‘yinida u albatta yutishi kerak. Podsho unga «bizdan ne tilagingiz bor?» desa Hamida bonu, Nizomning otasini zindondan ozod qilishlarini, uning o‘zini esa birorta kemaga darg‘a etib tayinlashlarini so‘raydi. Balki qiz bolaning bunday iltimosi Humoyunni taaj¬jubga solar. Lekin Hamida bonu ungacha Xonzoda begimga ko‘ngli kimdaligini albatta aytib beradi, uning yordamida Humoyunning adolat qilishi ham oson bo‘ladi.
Lekin Hamidaning bu shirin orzusi ushalmadi. O‘sha kuni oqshom sharqdan kelgan chopar Chunor qal’asining Sherxonga taslim bo‘lgani haqida mash’um xabar keltirdi. Endi undan naridagi Bangola va Bixar ham xavf ostida qoldi, agar Humoyun tezlikda yetib borib, ularni himoya qilib olmasa, qalamravidagi yerlarning eng katta qismidan mahrum bo‘ladi-yu, Agradan quvilishi ham osonlashadi.
Shuning uchun bazmlaru o‘yinlarni taqa-taq to‘xtatib, shoshilinch ravishda qo‘shin to‘plashga kirishdi. Oradan bir hafta o‘tgach, sahar paytida Xonzoda begim bilan xayrlashish uchun Zarafshon bog‘iga bordi. Ammasining oq fotihasini olgandan so‘ng, o‘sha «Gunjoyish» kemasiga tushdi-da suv yo‘li bilan Ganga daryosi tomonga yo‘l oldi. Humoyun Hamida bonu bilan yaxshiroq tanisha olmaganidan Xonzoda begim ko‘p afsus chekib, «taqdirlari qo‘shilmagan ekan», deb xafa bo‘ldi.
Lekin Humoyun tushgan kemaning eshkakchilari orasida jon-jahdi bilan eshkak eshayotgan Nizom bundan o‘zicha mamnun. Humoyun Hamidadan tobora uzoqlashib ketayotgani unga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuladi. Agar podsho bu qizni yaqindan ko‘rib, bilguday bo‘lsa, haramiga olib qo‘yishi hech gap emas. Nizom o‘zining Hamidaga yetishishiga ishonmasa ham, lekin undan umidini uzolmaydi, ayniqsa, uni podsho haramiga ravo ko‘rmaydi. Shuning uchun Nizom butun kuchini eshkakka beradi-yu, Humoyunni Hamidadan mumkin qadar uzoq¬roq olib ketishga intiladi.

____________
* T o v o n o l i k — qobiliyat, qodirlik.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:55:05
G A N G A
KO‘RGILIK

Humoyun oyoq qo‘ygan yer ichiga o‘pirilib tushib, tubsiz o‘ngirga aylandi. U oyog‘ini tortib olib, orqaga tisarildi. Qorayib turgan o‘ngir labida qandaydir daraxtning ildizi ko‘rindi. Humoyun tubsiz jarga yiqilay deganda shu daraxtdan ikki qo‘llab tutib qoldi. Bir payt daraxt ham ildizi bilan sug‘urilib chiqa boshladi. Humoyun jarga qulab tushishini sezganda qichqirib, bosinqirab uyg‘ondi-yu: «Alhamdulillo, tush ekan!» deb xiyol yengil tortdi. Lekin tashqarida dovul ko‘ta¬rilganini, tepasidagi chodirni shamol yiqitib ketgudek qattiq silkitayotganini sezdi, jala quyib, momaqaldiroq ustma-ust gumburlayotganini eshitdi-da, yana yuragi hapriqib, o‘rnidan turib ketdi.
Ganga bo‘ylarida yomg‘ir fasli boshlangan, havo iliq bo‘lsa ham dim, hamma narsa namiqib ketgan. Xos chodir eshigiga osilgan kimxob parda Humo¬yunning qo‘liga mayin va salqin tegdi. Uni bir tomonga surib tashqariga ko‘z yugurtirdi.
Qorong‘ida hech narsa ko‘rinmadi, faqat yashin chaqnaganda Ganganing qirg‘oqlariga toshib chiqqan oqish to‘lqinlari tahdidli yaltirab ko‘zga tashlandi. Daraxtlar dovuldan yerga tekkuday egiladi, ularning qattiq shovullashi orasidan momaqaldiroqning qasir-qusuri xiyla past eshitiladi.
Humoyunning chodiri turgan balandlikdan gangaga kelib qo‘shiladigan yana bir daryo — Karamnasa ham ko‘rinadi. Odatda suvi uncha ko‘p bo‘lmaydigan bu daryo yomg‘ir fasli boshlangandan beri bo‘tana sellarga to‘lib vahimali tusga kirgan. Qo‘shindagi filbon va kemachi hindlar Karamnasa daryosidan juda qo‘rqadilar, unga qo‘l-oyoqlarini tekkizmaslikka tiri¬shadilar. Hindlarning e’tiqodi bo‘yicha, Karamnasa¬ning suvi tekkan odam bir umr qilgan toat-ibodatidan ayrilib, kasofatning tagida qolib ketarmish. Shuning uchun taqvodor hindilar Karamnasaning narigi qirg‘o¬g‘iga o‘tmoqchi bo‘lsalar, irim qiladilar — uning o‘zidan emas, Gangaga quyilgan joyining naryog‘idan kema bilan aylanib o‘tadilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:55:22
Bu hodisani bundan o‘n yil oldin mana shu Karamnasa bo‘yida otasi Bobur ham ko‘rganini va o‘z esdaliklarida yozib qoldirganini Humoyun biladi. Bunaqa irimlarga ishonmaydigan Bobur mirzo hozir Humoyun turgan joyni qo‘shiniga qarorgoh qilib tanlab, bir hafta turgan va shu atrofdagi yovlarini yengib, Agraga g‘alaba bilan qaytgan edi.
Shuning uchun Humoyun taqvodorlarning irimidan ko‘ra otasining tajribasiga ko‘proq tayandi. Uch tarafi daryo bilan to‘silgan baland tepaliklar uni dushmanlaridan asraydigandek ko‘rindi. Beklar ham «faqat qarorgohning janubi sharq tomoniga soqchilar qo‘yilsa kechalari tinch uxlash mumkin...» deyishdi.
Lekin hozir yomg‘ir chelaklab quyayotgan va dovul chodirlarni yiqitgudek bo‘layotgan paytda Humoyun tushida ko‘rgan dahshatli voqeani esladi-yu, yashin yorug‘ida yalt etib chaqnagan toshqin daryo¬lar halqasi birdan uning vahmini keltirdi. Uch tomondan toshib chiqayotgan daryolar uni to‘rtinchi tarafdan bostirib keladigan yovlarga tuzoq bo‘lib tutib beradigandek tuyuldi. Yo alhazar! U nega o‘z oyog‘i bilan bu daryolar orasiga kirib qoldi? Otasi bu yerni qarorgoh qilgan paytlarda havo quruq, daryolarda suv oz, bu atrofda Sherxonday xatarli yov yo‘q edi-ku.
Yoshi o‘ttish birga kirgan Humoyun o‘smirlik yillaridan beri juda ko‘p tahlikali janglarni ko‘rdi, turli-tuman yovlar bilan olishib, hali biror marta yengilgani yo‘q. Lekin Sherxonga kelganda uning shijoati ham, janglarda orttirgan tajribasi ham  ish bermay qo‘yyapti. Vaqt o‘tgan sari Sherxonning qudrati ortib, Humoyunning ishi orqaga ketayotganday bo‘lyapti.
Humoyun to‘shagi turgan joyga qaytib, qorong‘ida yostiqni qo‘li bilan paypaslab topdi. Yostiqqa qayta bosh qo‘yar ekan, tashqarida xuruj qilayotgan shamol, jala va momaqaldiroq shovqini orasidan Sherxon uning ko‘ziga ko‘rinib ketganday bo‘ldi.
Qoshlari qalin, ko‘zlari ko‘kish, qirra burun, kalta qirqilgan soqoli va qayrilma mo‘ylovi o‘ziga juda yarashgan durkun gavdali Sherxonning qarashlarida burgutni eslatadigan bir ifoda bor. Humoyun uni bi¬rinchi marta bundan o‘n uch yil burun Jamna bo‘yidagi ziyofatda ko‘rgan edi. Bobur mirzo Sekridagi g‘alabasi sharafiga juda katta osh bergan, unga hamma beklar o‘z sipohilari bilan taklif qilingan edi. Junaid barlos degan amir o‘z xizmatiga o‘tgan afg‘on sipohilari qatorida Sherxonni ham bu ziyofatga olib kelgan edi. Bobur Sherxonni birinchi ko‘rishda¬yoq «hokimiyat talashadigan siyoqi bor» degan, Humoyun buni eshitgan edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:55:38
Ammo u paytlarda Sherxon hali o‘ttiz-qirqta yigitga bosh bo‘lgan kichik sipohilardan edi. Uning Sasaramda otasidan qolgan yer-mulki bor ekan. Biroq otasi o‘lgandan so‘ng o‘gay ona va inilari Sherxonni bu mulkdan mahrum qilmoqchi bo‘ladilar. Sherxon ota mulkini o‘gay inilaridan tortib olish uchun Boburdan himoya so‘raydi. Banorasdan sharqdagi G‘ozipur degan joyda u Bobur huzuriga qimmatbaho sovg‘alar bilan arzadosht ko‘tarib kiradi*. Bobur uning markaziy hokimiyatdan uzoqroqda, chet viloyat bo‘lgan Sasaramda zamindor boy bo‘lib yurishini afzal ko‘radi, ota mulkini unga xatlab beradi.
O‘shanda qirq yoshda bo‘lgan Sherxon hisob-kitobni va xo‘jalik yuritishni yaxshi bilar, Sasaramdagi betartiblik va poraxo‘rlikni yomon ko‘rardi. U shayx Sa’diyning ko‘p she’rlarini yod biladigan o‘qimishli kishi edi. Sasaramdagi dehqonlarning yerini o‘lchash, hosilini bexato hisoblashda va soliqchilarning beboshligini yo‘qotishda ko‘pgina yangi tadbirlarni amalga oshirdi. Xayrixohlari uni «Sherxoni odil» deb ataydigan bo‘ldilar. Bu orada Bobur vafot etdi-yu, marhum Ibrohim Lodining inisi Mahmud Lodi qasoskor afg‘onlarni atrofiga to‘plab, Humoyunga qarshi isyon ko‘tardi. Mahmud Lodi Bixar va Sasaramni ham o‘ziga majburan qo‘shib, Humoyunga qarshi urushga boshlab bordi.
Sherxon bu urushdan mutlaqo manfaatdor emas edi. Lodilar afg‘on bo‘lsalar ham, sur qabilasi ularga bo‘ysunishni istamaydi. Ibrohim Lodidan ko‘rgan jabr-u zulmlari Sherxonning esidan chiqqan emas. Shuning uchun Dalaxrua degan joyda Mahmud Lodi Humoyun bilan yuzma-yuz turib jangga kirishgan paytda Sherxon ustalik bilan o‘zini chetga oldi-yu, barcha navkalarini urush maydonidan olib chiqib ketdi. Lodilar bu jangda Humoyundan yengildilar va keyinchalik Sherxonni xiyonatda aybladilar. Sherxon esa Humoyunga xat yozib, bir vaqtlar Bobur podsho Sasaramdagi ota mulkini unga olib bergani hurmatiga shunday qilganini bildirdi. Aslida esa Mahmudxon bilan Humoyun bir-birini band qilib turgan paytdan foydalanib Ganga bo‘yidagi eng muhim harbiy qal’a— Chunorni ishg‘ol qilish niyatida edi.
Chunor ilgari Tojxon ismli afg‘on hokimining qo‘lida edi. Sherxon besh yil burun Tojxonga ham sipohiy bo‘lib xizmat qilgan, o‘sha paytda uning go‘zal xotini Lod Malika bilan tanishgan edi. Tojxon oilaviy nizolar girdobida halok bo‘lgandan keyin Sherxon Lod Malikaga maxfiy odam yubordi, uni ko‘pdan yaxshi ko‘rishini va unga uylanish orzusida ekanini bildirdi. Sherxonning ayollarni maftun qiladigan bahodirona jozibasi Lod Malika¬ning yodidan chiqmagan ekan. Orada turgan maxfiy odam Sher¬xonga ijobiy javob keltirdi. Dalax¬ruada Mahmud Lodi Humoyun bilan hayot-mamot jangini qilayotgan paytda Lod Malika Chunor darvozasini urush maydonidan yashirinchi chiqib kelgan Sherxonga ochib berdi. Sherxon Lod Malikaga uylangach, uning yordamida Chunorga Tojxon tomonidan berkitilgan yashirin xazinani ham qo‘lga tushirdi. Bu xazinadan 150 man* oltin, 7 man marvarid, yana talay javohirotlar topildi. Sherxon bir kunda qo‘lga kiritgan boylikning bahosi to‘qqiz yuz ming rupiy edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:55:58
Sherxon bu boyliklarni bosib yotadigan ziqna odam emas, uning maqsadi mustaqil hukmdor bo‘lish. Sherxon Chunor qal’asida qo‘lga kiritgan oltinlarga minglab yangi navkarlar yolladi, qurol-yarog‘lar sotib oldi. Lodilar va boburiylardan norozi bo‘lgan qanchadan qancha yollanma askarlar Sherxon tomoniga o‘ta boshladi. Ayniqsa, u Chunor qal’asini egallagandan  keyin Humoyun sharqdagi Bixar va Bangoladan uzilib qoldi. Yo‘lni ochish uchun u Chunorga qo‘shin tortib keldi va Sherxonni qamal qildi. U paytda Humoyunning qo‘shini Sherxonnikidan ikki barobar ko‘p edi. Zambaraklar va to‘fanglar qal’a himoyachilari ustiga shunday o‘q yog‘dirishdiki, Sherxon shiddatli hujumlarga turish berolmay qoldi. Oradan ikki oy o‘tgach, Sherxonning elchisi ichkaridan oq bayroq ko‘tarib chiqdi va Humoyunning huzuriga kelib, shafqat so‘radi. Humoyun raqibi bilan yuzma-yuz turib so‘zlashmoqchi bo‘ldi-yu, elchiga: «Shavqat kerak bo‘lsa Sherxonning o‘zi huzurimizga kelsin!» dedi. Jang to‘xtatilgan, lekin Sherxon Humoyun huzuriga kelsa hibsga olinishidan hadiksirab, o‘zining o‘rniga yigirma sakkiz yashar o‘g‘li, jangovar sarkarda Qutbxonni yubordi. Qutbxon Humoyun oldida yer o‘pib, sadoqat izhor qildi. «Otam boshliq surlar minba’d sizga qarshi bosh ko‘tarmasligi uchun mana, men kafilmen, barcha navkarlarim bilan sizga toabad xizmat qilurmen», dedi. Humoyun Qutbxonni uch yuz navkari bilan o‘z ixtiyorida qoldirdi. Sherxon esa oilasi, ko‘ch-ko‘roni va odamlarini Chunordan olib chiqib Bixar viloyatidagi o‘z mulkiga jo‘nadi.
Qutbxon va uning navkarlari Humoyun askarlari bilan ikki yil birga xizmat qildi, Gujarat va Champanirda Bahodirshoh bilan bo‘lgan janglarda jasorat ko‘rsatib, in’omlar oldi. Sherxon ham bu orada Bixarda tinchgina yurdi. Humoyun burnog‘i yili Champanirdan Agraga qaytgandan keyin Qutbxon ota-onasini ko‘rib kelish uchun undan ruxsat oldi-yu, Bixarga ketganicha qaytib kelmadi. Oradan besh-olti oy o‘tgach, Sherxon o‘g‘li bilan yana Bangolaga qo‘shin tortib borgani va Chunorni qamal qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Humoyun Qutbxonga javob berib xato qilganini, hozir u otasi Sherxon bilan eng xatarli dushmanga aylanganini keyin bildi. Qutbxon ikki yil Humoyun askarlari safida yurib, uning barcha zaif tomonlarini va ichki ziddiyatlarini bilib olgan. Endi ota-bola birlashib, Humoyunning eng bo‘sh joylarini topib, zarba bermoqdalar.
Sherxon o‘z ishiga shunchalik pishiq ekanki, Humoyunni Agradan mumkin qadar uzoqlarga olib ketib, hamma joyda biron baloga giriftor qilyapti. Humoyun bu gal Chunor qal’asini olti oy qamal qilib, katta talafotlar bilan oldi. Bu orada Sherxon Bangolani egalladi. Humoyun uni ta’qib etib Ban¬golaga borsa, Sherxon bu viloyatda bor xazinalarni ship-shiydam qilib, undan Gauriga o‘tibdi. Humoyun yoz issiqlarida mashaqqat chekib Gauriga borsa, Sherxon u yerdagi xazinani ham talab, qo‘liga ilingan boyliklarni yig‘ib, Roxtas degan tog‘ qal’asiga qochib ketibdi.
Ganganing janubidagi bu qal’a asli Krishan Roy degan hind rojasining mulki edi. Sherxon o‘z qo‘shinida xizmat qilayotgan nufuzli rajput sarkar¬dalaridan birini oraga qo‘yib, Krishan Roydan avval faqat o‘z xotinlari va bolalari uchun boshpana so‘radi.
— Humoyun bizdan ota yurtimiz Bixarni tortib oldi, ayollarimiz xonumonsiz jang maydonida qoldi, bu shafqatsiz temuriyzoda bizni yengsa erta-indin Roxtasga ham qo‘shin tortib borgay, siz xoti¬n-bolalarimizga qal’adan joy bersangiz, biz dushmanning Roxtasga boradigan yo‘lini to‘sgaymiz, — dedi.
Krishan Roy bu gapga ishondi va ayol kiyimidagi otlig‘-u piyoda bir ming ikki yuz kishilik olomonni Roxtas qal’asining darvozalaridan ichkariga kirgizdi. Ayollar bilan birga ko‘ch ortgan yuzlab soyabon aravalar ham kelmoqda edi. Ular ham ichkariga kirib oladi. Shunda ma’lum bo‘ladiki, ayol kiyimidagi «boshpanasiz bechoralar»ning ko‘pchiligi — Sherxon¬ning qurolli navkarlari ekan. Soyabon aravalardagi ko‘chlar orasidan qurolli yigitlar sakrab-sakrab tushdilar-u g‘aflatda qolgan Krishan Royni o‘rab oldilar. Sherxonning o‘zi yo‘q, bu harbiy hiylani amalga oshirgan uning o‘g‘li Jalolxon Krishan Royga shunday dedi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:56:12
— Roxtasni biz jang bilan ham olishimiz mumkin edi, undan ham kattaroq Chunor qal’asini olganimiz sizga ma’lum, lekin qon to‘kilmasin dedik, sizning mol-u joningizga tegmaymiz, nimani istasangiz bir kun ichida olib chiqib keting, sizning vodiyda boshqa mulkingiz bor, bizga esa Roxtas juda kerak!
Krishan Roy Roxtasni tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Sherxon Chunor va Gaurda o‘lja olgan barcha oltin-u kumushlarini shu qal’aga keltirib bekitadi. Xotin-u bola-chaqalarini ham Roxtasga joylab, o‘zi tog‘ etaklarida yangi janglar uchun kuch to‘play boshlaydi.
Roxtasdagi voqeani Gaurda turib eshitgan Hu¬moyun Sherxonning Movarounnahrda shunaqa hiy¬¬-la-yu nayranglarni ko‘p ishlatgan Shayboniyxonga o‘xshab ketadigan ayyorligi borligini xayolidan o‘tkazdi. Nazarida, Sherxon endi Roxtasni qo‘riqlab yotadiganga o‘xshardi. Humoyun uni ta’qib qilib Roxtasga bormoqchi emas, chunki Bangolada tartib o‘rnatish va Gaurda davlat ishlarini izga solish undan juda ko‘p vaqt talab qildi. Humoyun Gaurda to‘qqiz oy qolib ketdi. Yomg‘ir fasli tugab, kuzgi salqinlar va quyoshli quruq kunlar boshlangandan so‘ng bu yer¬ning havosi unga benihoya latif tuyuldi. Humoyun Gaurda davlat ishlarini izga solib, yangi bog‘larning tarxini chizdirdi, shaharning eng xushhavo joylariga ko‘chatlar ekdirdi, kayfi chog‘ paytlarda gaurga «Jannatobod» degan nom berdi. Lekin sal o‘tmay Agradan kelgan shum xabarlar Humoyunni do‘zax azobiga sola boshladi.
Humoyundan arazlab ketgan Zohidbek, shayxulislom Said Xalil va boshqa fitnachi beklar bilan Agrada til biriktirib, Hindol mirzoning qanoti ostiga kiradi-yu, Humoyun poytaxtga hokim tayinlab kelgan Amir Bahlulni o‘ldirishadi. Ular o‘n sakkiz yoshli Hindol mirzoni Agra taxtiga chiqarmoqchi bo‘ladilar. Bu gapdan Laxo‘rdagi Komron mirzo xabar topib, darhol Agraga qo‘shin tortib keladi. «Men turganda sen taxt da’vosini qilma!» deb ukasiga do‘q uradi.
Hali Humoyun tirik paytda ukalari Agrani tala¬shishgacha borib yetgani Humoyunga vaziyatning naqadar og‘irlashganini, Gaurda to‘qqiz oy turib qolgani katta bir xatolik bo‘lganini ko‘rsatdi. U askari¬ning ozroq bir qismini Bangola himoyasi uchun qoldirdida, asosiy qo‘shin bilan Ganganing shimoliy qirg‘og‘i bo‘ylab Agraga yo‘l oldi.
Orada Patna va Banoras bor. Agragacha qirq kunlik yo‘l. Sherxon ishg‘ol qilgan Roxtas qal’asi daryodan ancha  uzoqdagi tog‘larda edi. Humoyun Agraga shoshilinch qaytayotganidan xabar topgan Sherxon tog‘dan tushib kelib, daryoning janub qirg‘og‘idan uni ta’qib etib bora boshladi.
So‘nggi bir yil ichida kuchlar nisbati Sherxon foydasiga o‘zgargan, Humoyun chekinib borardi. Sherxon orqadan go‘yo pisib, hamla uchun payt poylab kelar edi. Humoyun Patnaga yetganda Agraga yuborgan chopari qaytib keldi. Hindol mirzo hayajonli maktub yozib: «Hazrat og‘ajon, mening haqimdagi yomon ovozalarga zinhor inonmang, — debdi. — Iningizning barcha harakatlari sizning Agradagi hokimiyatingizni saqlab qolishga qaratilgandir. Ko‘r¬na¬mak Amir Bahlul poraxo‘r ekan. Sherxonning odamlaridan hamyon-hamyon oltin olib, sizning qurol-yarog‘laringizni g‘animingizga yashiriqcha sotar ekan. Biz aravadagi taxtalar tagiga yashirilgan sovutlarni, qalqonlarni, tig‘larni topib oldik, Amir Bahlul aybi ochilganidan qo‘rqib Sherxon tomonga qochib ketayotganda o‘q tegib o‘ldi. Men Agrada ekanmen, og‘amiz Komron mirzo ham sizning toj-u taxtingizga daxl qilolmagay. Tezroq yetib keling. Yo‘lingizga intizor sodiq iningiz Mirzo Hindol binni Bobur podishoh».
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:56:26
Humoyun kimga ishonishini bilmay qoldi. Sher¬xonning o‘zi agradan shunday uzoqlarda yurganda nahotki uning maxfiy odamlari Amir Bahlulday badavlat kutvalni oltinga sotib ololgan bo‘lsa? Yoki fitnachilar Hindolni aldab, Amir Bahlulni yolg‘ondan poraxo‘r qilib ko‘rsatishganmi? Uzoqdan turib buni aniqlab bo‘lmas edi.
Humoyun barcha odamlari bilan Chausa yaqinida Ganganing o‘ng qirg‘og‘iga o‘tguncha Sherxon askarlari qorasini ko‘rsatmadi. Humoyun Karamnasa va Ganga oralig‘idagi tepaliklarni qarorgoh qilib, qo‘shinini joylashtirgandan keyingina janubi sharqdagi ochiq sahnda birdan Sherxonning qo‘shini paydo bo‘ldi. Bu orada yomg‘ir fasli boshlanib, daryolarda suv ko‘payib ketdi. Endi uch tomondagi daryolar halqasidan osonlikcha chiqib ketib bo‘lmaydi, to‘rtinchi tomonini esa yov lashkari bekitib oldi. Humoyun odamlarini hayot-mamot jangiga shaylab, eng sara askarlarini, harbiy fillarini Sherxon turgan tomonga joylashtirdi va uning hujumini kutdi. Shu vaqtgacha mudom Humoyun hujumda edi. Endi u hujum qilish navbatini sherxonga bergandek bo‘lib bir hafta kutdi, bir oy, bir yarim oy kutdi. Ammo Sherxon hujum qilmadi. Chunki vaqt Sherxonning foydasiga ishlamoqda edi. Humoyun qarorgohida o‘n mingdan ortiq odamlarni va ulardan ikki barobar ko‘p ot-ulovni boqish uchun g‘amlangan zaxiralar tugab bormoqda. Daryolar zaxidan va yomg‘ir fasli¬ning rutubatidan kasalga uchrab safdan chiqayotgan navkarlar soni esa tobora ko‘payib ketyapti. Atrofdan keladigan yordamning yo‘lini toshqin daryolar va Sherxon qo‘shini to‘sib turibdi.
Sherxon ikki oy deganda ham hujumga o‘tmagach, Humoyun oraga odam qo‘yib: «Bizdan ne tilagi bor, aytsin», dedi. Sherxon o‘tgan kuni Humoyun qarorgohiga o‘z elchisini yuborib, undan Chunor qal’asini va Bixar viloyatini so‘radi. Bixar hozir himoyasiz qolgan, Humoyun o‘z qo‘shinini Agraga olib ketgach, bu viloyatni Sherxon yana ishg‘ol qilishi shubhasiz. Ammo sharqiy viloyatlarnnig qulf-kaliti bo‘lgan Chunorni Sherxonga jangsiz topshirishni o‘ylaganda Humoyunning butun vujudi zirqirab ketdi. Axir bu qal’ani olguncha olti oy jang qilib, ozmuncha talafot berildimi?
Humoyun Sherxon elchisiga aniq javob bermadi, o‘ylashib, kengashib, undan so‘ng o‘z qarorini maxsus odamlar orqali ma’lum qiladigan bo‘ldi. Kechagi mashvaratda ko‘pchilik beklar Chunorni Sherxonga qaytarib berishga qarshi chiqdilar. Shuncha azob tor¬tib qo‘lga kiritgan eng muhim joylari Chunor bo‘lsa-yu, uni ham Sherxonga jangsiz topshirib ketsalar, Agraga qaysi yuz bilan qaytishadi? Odamlar ularning ustidan kulishmaydimi?
— Nodonlar kulgisiga e’tibor bermasligimiz kerak, janoblar! — dedi Bayramxon. — Hozir vaziyat bizdan qurbon talab qilmoqda. Biz mana bu daryolar sirtmog‘idan eson-omon chiqib, Agraga qaytsak, u yerdagi ixtiloflar bartaraf bo‘lsa, keyin Chunorni yana qaytarib olishimiz hech gap emas!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:56:57
Humoyun Bayramxonning bu fikriga qo‘shilmadi, ko‘pchilik beklar podshoning tarafini oldi.
Biroq hozir sharillab quyayotgan yomg‘ir tagida, dovul ko‘tarib ketgudek bo‘layotgan chodirda uyqusiz¬likdan qiynalib, goh u yonboshiga, goh bu yonboshiga ag‘darilar ekan, Bayramxon bilan ertalab yana bir gaplashgisi keldi.
Azon palla podshoning xirgohiga chaqirilgan Bayramxon eshik oldida ta’zim qilib yukundi. Humoyun unga o‘ng yonidan joy ko‘rsatdi. Bayramxonning o‘siq qora soqoli va bug‘doyrang yuziga tikilib:
— Bugun tuni bilan uxlay olmay to‘lg‘onib chiqdim, — dedi. — Yomon tushlar... Siz aytgan qurbonlik... Chunor... bag‘rimdan bir parcha etni yulib olib g‘animga bergandek og‘ir... Mabodo biz Chunorni topshirsak, Sherxon qanoat qilarmikin? Bangola bilan Gaurni tinch qo‘yarmikin? Agar shu haqda bitim tuzsak, Sherxon so‘zida turarmikin?
— Hazratim, — dedi Bayramxon. — Agar faqirga vakolat bersangiz, Sherxonning oldiga Qur’onni qo‘yib so‘z olmog‘im mumkin. Axir u ham musulmon-ku!
— Sherxon Bangolaga tegmasa, mayli, Chunorni beraylik. Bizdan vakil bo‘lib boring.
Humoyun o‘z qarorgohidagi eng nufuzli ulamolardan bo‘lgan va Sherxon bir vaqtlar nazr-niyozlar berib, fotihasini olgan Xo‘ja Husaynni Bayramxon¬ning yoniga qo‘shib elchilikka yubordi.

___________
* Sherxon Sur nomi «Boburnoma»ning 1527—1528-yilgi voqealarida ikki qayta qalamga olingan.
* B i r  m a n — 800 gramm, 150 man esa 120 kilogramm. 7 man marvarid — 5 kilo-yu 600 gramm bo‘ladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:57:13
* * *

Tushga yaqin yomg‘ir tindi-yu, bulutlar orasidan ko‘m-ko‘k osmon va issiq yoz oftobi ko‘rindi. Ganga hali ham uzoqlarda yog‘ayotgan jala suvlariga to‘lib, loyqalanib oqayotgan bo‘lsa-da, yer asta-sekin quriy boshladi.
Bayramxon Ganga janubidagi keng tekislik orqali sherxonning qarorgohi tomon otliq borar ekan, yomg‘irdan keyingi havoda bo‘liq o‘t-o‘lanlar va rang-barang dala gullari qanchalik qulf urib, yashnab turganini, osmon to‘la qushlar naqadar yayrab ucha¬yotganini ko‘rdi-yu, o‘zicha bir xo‘rsinib oldi. Hind yeri yoz issiqlariga qo‘shilib keladigan iliq yom¬g‘irlarga to‘yib, hamma tirik jonni, barcha giyohlarni birvarakayiga uyg‘otadigan va juda tez rivojga kiritadigan mana shu pashkol* faslida Bayramxon uydami, bog‘dami tinchgina o‘ltirib kitob o‘qishni yoki she’r yozishni qo‘msaydi. Hind elining azaliy odati bejiz emaski, yomg‘ir faslida sayohatga chiqilmaydi. Chunki odam ham, ot-ulov ham bu faslda qayoqqa qadam qo‘ymasin, rivojga kirgan birorta tirik jonni yoki giyohni bosib oladi. Tirik jonni bosib, nobud qilgan odamning haji qanday qabul bo‘lsin? o‘n minglab qo‘shin bilan harbiy yurishga chiqqan sarkardalarning shunday faslda urush boshlashini qanday baholash mumkin? Sherxon ham ko‘p kitob o‘qigan bilimli odam, Bayramxon unga tug‘ilib o‘sgan mamlakatining pashkol fasliga oid udumlarini albatta eslatadi, hozir urushadigan payt emasligini, sulh tuzilishi kerakligini boshqa dalillar bilan ham isbot etadi...
Minglab chodirlar tikilgan keng tekislikda Sherxonning hashamatli shomiyonasi uchun baland bir tepalik tanlangan ekan. Bayramxon va Xo‘ja Husayn qarorgoh chetida otlaridan tushdilar, maxsus mulo¬zim ularni Sherxonning shomiyonasiga ancha beridan piyoda boshlab bordi. Bayramxon ichkariga kirave¬rishda barvasta va xushqomat soqchi yigitlarni ko‘rdi. Chodirning sirti yomg‘ir o‘tkazmaydigan pishiq qizil movutdan tikilgan, ichi esa sidirg‘a sariq atlasdan qavilgan edi. Sherxon shomiyona to‘ridagi baland shahnishinda chordana qurib sokin o‘ltiribdi. Kiyim¬lari bezaksiz odmi ipakdan, kichkina sallasiga ham gavhar yoki boshqa toshlar qadalmagan, ammo burgutnikiga o‘xshash ko‘z qarashlari va mag‘rur o‘ltirishi Bayramxonda hayiqishga o‘xshagan bir tuyg‘u uyg‘otdi. Bayramxon unga ta’zim qilib, Hu¬moyunning muhri bosilgan maktubni topshirdi. Sher¬xon maktubni o‘qib bo‘lguncha elchilar uning isho¬rasi bilan pastdagi kimxob ko‘rpachalarga cho‘kka tushib o‘ltirdilar. Sherxon o‘ltirgan shahnishin bir gazcha balandda edi. U Bayramxonga yuqoridan turib kinoyali so‘z qotdi:
— Podshoyingiz Chunor evaziga Bangolani talab qilmoqda-ku!
— Davlatpanoh, — dedi Bayramxon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yarkan. — Bangola to‘qqiz yildan beri Humoyun hazratlarining qalamravidadir.
— Ammo bizning afg‘on qavmlarimiz Bangolada yuz yillardan beri yashab kelmoqda. Ular bizga qarindosh, ko‘plari bilan quda-anda bo‘lganmiz. Endi sizlarni deb orani uzaylikmi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:57:30
— Davlatpanoh, qarindoshchilik, quda-andachilik bemalol davom etaversin. Faqat Bangolaga bu yilgidek qo‘shin tortilmasa, xazinalar talanmasa, qon to‘kilmasa bas...
— Sizlar Chunorni olti oy qamal qilib ozmuncha qon to‘kdilaringizmi? Bangolada biz ana shuning qasdini oldik!
— Biz butun qasoskorlik haqida emas, sulh haqida so‘zlashgani keldik, davlatpanoh. Ayniqsa,  hozir pashkol kunlarida faqat inson emas, butun tabiat ham urushsiz tinch yashamoqqa alohida bir ehtiyoj sezadir. Siz ma’rifatli sarkardasiz, «Chunor berilsa sulh tuzgaymiz», deb odam yuborgan ekansiz. Shunga javoban Humoyun hazratlari bizni vakil qilib jo‘natdilar.
Sherxon Humoyunning maktubiga yana bir ko‘z yugurtirdi-yu:
— Behuda qon to‘kilishini biz ham istamaymiz! — dedi. — Chunor bizga berilsa podshohingiz qo‘ygan shart qabul qilingay.
Bu gaplar davomida Xo‘ja Husayn qo‘ynidan uncha katta bo‘lmagan zarhal muqovali bir kitob oldi. Bu — mo‘jaz harflar bilan ko‘chirilgan Qur’on edi. Xo‘ja Husayn uni ko‘ziga surib o‘pdi-yu, o‘rnidan turib Sherxonga uzatdi:
— Davlatpanoh, siz aytgan dono gaplarga mana shu Kalomi Alloh guvoh bo‘lsin, oling!
Sherxon birdan sergaklandi:
— Taqsir, siz bu... Qur’onni o‘rtaga qo‘yib, bizga qasam ichdirmoqchimisiz? — dedi.
Sherxonning ko‘zlari tahdidli chaqnaganidan qo‘rqib ketgan Xo‘ja Husayn:
— Zinhor bunday niyat xayolimizga kelgan emas, davlatpanoh! — dedi. — Sizga nek maqsad yo‘lida Qur’oni sharif madadkor bo‘lsin deb... savg‘o tarzida olib keldik.
— Unday bo‘lsa biz savg‘oni qabul qilgaymiz! — Sherxon Qur’onni Xo‘janing qo‘lidan olib, naridan beri ko‘ziga surgan bo‘ldi-da, mulozimiga uzatdi: — Bu sharif kitobni bizning masjidimizga eltib, o‘ziga munosib mehrobga qo‘ying.
Bundan keyingi muzokara Chunorning Sherxonga qay tartibda topshirilishi haqida ketdi. Humoyun qo‘shini Karamnasa daryosidan va Banorasdan nariga o‘tguncha Sherxon hozirgi qarorgohidan qo‘zg‘almay turishga so‘z berdi. Humoyun Chunorga chopar yuborib, undagi qo‘riqchi askarlarini va qurol-yarog‘larini chiqartirguncha bir hafta o‘tadi. Bu muhlat tugagandan keyin Sherxon borib qal’ani egallaydi. Humoyun va Sherxon minba’d bir-birlari bilan tinch-totuv yashash haqidagi bitimga Chunorda imzo qo‘yadilar.
Bayramxon muzokarani tugatib ketayotganda:
— Davlatpanoh, siz-u biz yer-u osmon guvohligida sulh tuzib, unga sodiq qolish majburiyatini oldik,— dedi. — Podshohimiz huzuriga shu xulosa bilan qaytsak rozimisiz?
Sherxonning ko‘zlari Bayramxonga «sen kim bo‘libsenki, mendan sodiqlik talab qilursen?» — degandek sovuq istehzo bilan tikildi, ammo uning istar-istamas jilmaygan lablaridan:
— Xulosangiz ma’qul, — degan so‘zlar eshitildi.

___________
* P a sh k o l — yomg‘ir fasli.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:57:44
* * *

Elchilar ketgach, Sherxon kecha Agradan kelgan Alvaro Pakavirani o‘z huzuriga chaqirtirdi. Pakavira yo‘llarda Humoyun qo‘ygan odamlarning qo‘liga tushib qolmaslik uchun, hind savdogari kiyimida kelgan edi. Sherxon uni shahnishindan tushib qarshi oldi, o‘ziga yaqin o‘tqazib past tovush bilan so‘radi:
— Agradan Humoyunga yordam kelmasligi aniqmi?
— Aniq, davlatpanoh. Komron sizga qarshi chiqmagay. U akasining siz bilan jang qilib mag‘lub bo‘lishini kutmoqda. Shundan so‘ng u toj-u taxtni egallash umidida.
— Bu bizga ma’lum. Hindol-chi?
— Bunisi Humoyunga sadoqat saqlamoqchi ekan.
Ammo siz yuborgan maxfiy maktub yordamida biz uning sadoqatini adovatga aylantirdik.
— Qanday qilib? — ishonqiramay so‘radi Sherxon.
Shundan keyin Pakavira voqeaning tafsilotlarini so‘zlay boshladi. Humoyun Agraga kutval qilib tayinlagan Amir Bahlul poraga sotilmaydigan, podshoga sadoqat bilan xizmat qiladigan vijdonli odam edi. Sherxonning Agradagi xufiyalari masjidi jomeda Said Xalil bilan aloqa o‘rnatib, Bahlulni qanday daf qilishning rejasini tuzdilar.
Bahlul ham asli hindistonlik afg‘onlardan, Sherxon uni taniydi. Lekin Bahlul afg‘on ulusini atrofiga to‘playotgan Sherxonga yon bosmasdan, Humoyunga sodiq xizmat qilib yuribdi. Buning uchun Sherxon uni tuhmatga qoldirib yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Sherxon yuborgan maxfiy odam Amir Bahlulning nomiga yozilgan maktub keltirgan edi. Sherxon o‘z qo‘li bilan imzo chekkan va muhrini bosgan bu maktubda Amir bahlulga o‘tgan oyda Ganga bo‘yiga yuborgan qurolyarog‘lari uchun minnatdorchilik bildirilgan, juda ko‘p yigitlar Humoyundan aynab, Sherxonga kelib qo‘shilayotgani aytilgan, shuning uchun sovut-qalqonlardan va qurol-yarog‘lardan iloji boricha mo‘l yuborilishi iltimos qilingan edi. Sherxonning maktubi ishonarli bo‘lishi uchun uni oddiy harflar bilan emas, ilmi siyohdan* xabardor odamlargina tushunadigan maxfiy belgilar bilan bitishgan edi.
Farangistonda bunday o‘ta nozik ishlarni ko‘p qilib tajriba orttirgan Alvaro Pakavira Sherxon maktubini Amir Bahlulning ishongan mulozimlaridan birining cho‘ntagiga yashiriqcha soldiradi. Kechasi bu mulo¬zim Amir Bahlul huzuriga tungi soqchilikka ketayotgan paytda Said Xalilning odamlari uni Hindolga tutib beradilar. Ayni vaqtda Amir Bahlulning ruxsati bilan sharqqa taxta ortib ketayotgan aravalarga Sherxonning xufiyalari bir talay qilich-qalqon va nayzalarni yashirib qo‘ydilar. Haligi mulozim Hindol mirzoga tutib berilgan soatlarda bu aravalar ham qo‘lga tushiriladi.
Bahlulga uning mulozimi kechasi olib borayotgan Sherxon maktubi ilmi siyoh yordamida o‘qilgandan so‘ng Mirzo Hindol taxta tagiga yashirib olib ketila¬yotgan qurol-yarog‘ni ham ko‘rdi-yu, asli afg‘on bo‘lgan Amir Bahlulning xiyonat yo‘liga o‘tganiga ishondi.
Yarim tunda Mirzo Hindol va Zohidbek o‘z navkarlari bilan Amir Bahlul uxlab yotgan hovlisiga bostirib bordilar. Unga Sherxon yozgan maktubni va taxta ortgan aravalar tagiga yashiringan qurollarni ko‘rsatdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:57:59
Amir Bahlul bu qadar ustalik bilan to‘qilgan bo‘htondan qutulishning ilojini topolmadi.
— Tuhmat balosidan meni faqat Humoyun hazratlari qutqargaylar! — dedi-yu, Agradan qochib chiqdi. Bu qochish ham Hindolning nazarida Bahlulning xoinligini isbot qilganday bo‘ldi. U yuborgan quvg‘inchilar Bahlulni tungi otishmada o‘ldirdilar va boshini kesib qaytdilar...
Bir zarba bilan ham Humoyunning eng sadoqatli kutvali mahv bo‘lgani, ham Hindol bilan akasining do‘stligi adovatga aylangani Sherxonga alohida zavq va mamnunlik baxsh etdi. U Alvaro Pakaviraga shukuhli nazar tashlab:
— Balli, siz bizga yaxshi xizmat qilibsiz, — dedi.— Orzuyimiz amalga oshib, Hindistonda ulug‘ davlat tuzsak, sizga zo‘r inoyatlar qilgaymiz!
Sherxon xazinachini chaqirtirdi. U tadbirkor xufiyalardan oltinni ayamas edi.
— Janob Pakaviraga ikki man oltin mukofot berilsin!
Pakavira quvonib ketdi: ikki man oltin — hazilakam boylik emas, bunga yangi bir kema sotib olish mumkin! U Sherxonga sidqidildan ta’zim qila-qila, orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Sherxon shomiyonada yolg‘iz qolib, qo‘lini peshonasiga qo‘ygancha o‘yga toldi. Humoyunga Agradan yordam kelmasligi endi aniq. Sherxonga esa hatto uzoq Farangistondan kelgan Pakavira ham shunchalik ko‘mak berdi. Karamnasa daryosining kasofatidan qo‘rqqan kemachi va eshkakchi hindilarning besh-oltitasi tungi shamol-to‘polonda Ganga orqali suzib kelib, Sherxon ixtiyoriga o‘tdi. Hu¬moyunning ahvoli tang bo‘lgani uchun ham bugungi vakillarini yuborgan. Agar Sherxon lashkarboshilarini chaqirib, «Chunorni jangsiz ishg‘ol qilamiz, shu shart bilan sulh tuzdim» desa, ular albatta, xursand bo‘lishadi, lekin bu xursandchilik uzoq davom etmaydi. Humoyun ertaga Sherxonning sirtmog‘idan omon qutulsa, Agraga borib o‘zini tez o‘nglaydi. U kechirimli yigit, ukalari bilan yarashadi. Yuz amri issiq, Sherxonday xatarli yov qarshisida og‘a-inilar birlashishi mumkin. Boburiylar ittifoq bo‘lsa ularga hech kim bas kelolmasligini Sherxon Dalaxruada va Gujaratda Mahmudxon va Bahodirshohlarning mag‘¬lu¬biyatida ko‘rgan. Sherxonning shuncha vaqt che¬kinib, xazinasini tog‘dagi Roxtaslarga eltib bekitib yurgani yetar! Agar Sherxon boshiga yangidan balo orttirishni istamasa fursatni boy bermasligi va Humoyunni daryolar sirtmog‘idan tirik chiqarmasligi kerak!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:58:20
Sherxon o‘yinni shu tarzda yakunladi-yu lash¬kar¬boshilardan to‘rt kishini mashvaratga chaqirdi. Sher¬xonning o‘g‘illari Qutbxon bilan Jalolxon o‘ng tomonga o‘tirishdi. Rajputlar sarkardasi Bikramadit Gaur va Sherxonning lashkarboshisi Havasxon chap tomondan joy olishdi. Sherxon shomiyonadagi mulo¬zimlarni chiqarib yuborib, eshikning pardasini tushirtirdi. Qandilda lipillab turgan shamlarning yorug‘ida o‘g‘illari va sarkardalariga bir-bir qarab oldi-da:
— Mening dunyoda eng ishongan odamlarim — to‘rtovlaring senlar, — dedi. — Biz vatanimizni kelgindilardan ozod qilib, mustaqil davlat tuzmoq¬chimiz. Bu orzu bizni roja Bikramadit Gaur bilan og‘a-ini qildi. Ulug‘ maqsad yo‘lida biz din-u millat ayirmaymiz. Chunki afg‘onlar ham rajputlar kabi asli ariy qabilalaridan tarqalgan. Biz hammamiz Hindis¬tonda tug‘ilib o‘sdik, ota-bobolarimizning qabri ham shu zaminda. Oldin kelgindilar zo‘r keldi, biz cheki¬nib yurdik. Ammo bizning ham omadimiz keladigan paytni sabr-toqat bilan kutdik. O‘sha payt mana endi keldi!
Dushmanning ahvoli tang. Chunorni bizga jangsiz berishga tayyor. Elchilar kelib sulh taklif qildi. Men ularni cho‘chitmaslik uchun sulhga rozi bo‘ldim. Humoyun bugundan kuch yig‘ishtirishga buyruq bergay. Endi bizning hujumimizni kutmagay, dar¬yolardan tezroq o‘tib ketishga shoshilgay.
— Dushmanni g‘aflatda qoldirib bosadigan payt kelibdi-ku! — dedi Havasxon.
Qutbxon bu gapni yoqtirmay, Havasxonga o‘qra¬yib qaradi. U ikki yil Humoyun askarlari safida xizmat qilgan, uning tantiliklarini ko‘p ko‘rgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:58:31
— Sulhni harbiy hiylaga aylantirib bostirib bo¬rish... mardlikka kirarmikan? — dedi Qutbxon otasiga yuzlanib.
— Vatanni kelgindilardan ozod qilish — dunyodagi eng katta mardlikdir! — dedi Sherxon o‘g‘liga tik qarab. — Bobur bilan uning o‘g‘illari bizning ozmuncha vatandoshlarimizni qirdimi? Fotihlar Panipatda qirq ming kishini o‘ldirdilar. Bajur qo‘rg‘onida uch ming kishi qatliom qilinganda ularning kallasidan minora yasalmishdir! Humoyun Panipatda ikki yuz kishini asir olganda siyosat uchun shu asirlardan yuztasini to‘¬fanglardan otib o‘ldirishni buyurmishdir. U paytda bizning odamlar to‘fang nimaligini bilmas edi. Shuning uchun to‘fang qarshisida bexavotir turganlarni fotihlar shafqatsizlarcha otib yiqiturlar. Ana undan so‘ng: «fotihlarda ilohiy qurol bor emish, hind xudosi Shivaga o‘xshab ko‘zidan olov purkab, uzoq¬dagi odamni o‘ldira olarmish!» degan ovozalar tarqalmishdir. Xalqni qo‘rqitib bo‘ysundirishga qaratilgan bu ovozalar harbiy hiyla emasmidi?
— Ha, kelgindilar bizni zo‘ravonlik bilan ham qirgan, hiyla-yu nayrang bilan ham qirgan! — dedi Bikramadit Gaur. — Endi shu kecha ularga qasos qaytmog‘i kerak!
— Bajurda qonxo‘rlarcha qatliom qilinganlar uchun ham, Panipatda vahshiylarcha otilgan harbiy asirlar uchun ham biz qasd olmog‘imiz kerak! — qat’iy qo‘shimcha qildi Sherxon.
Qutbxon bu gaplarga qo‘shilmay iloji qol¬madi.
— Yarim tunda sekin yo‘lga chiqurmiz, — dedi Sherxon. — Sahar palla tong yorisha boshlaganda bosmoq lozim...
Ular kim markazda, kim o‘ng qanotda, kim chap qanotda hujum qilishining aniq rejasini tuzishga kirishdilar.

____________
* I l m i  s i yo h — shifr kaliti, yashirin yozuv siri.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:58:48
* * *

Boshqa kunlari Sherxonning qo‘qqisdan hujum qilishini kutib sergak yotadigan Humoyun kechagi sulh xabarini eshitgandan keyin xotiri jam bo‘lib, juda qattiq uyquga ketgan edi. Tong qorong‘usida qarorgohning sharqi janubidan boshlangan va to‘rt tarafga yashin tezligida yoyilgan jang to‘poloni, fillar na’rasi, odamlarnnig qiy-chuvi, tig‘larning shaq-shuqi, to‘fanglarnnig gumburlashi uni mast uyqudan uyg‘otganda, «yana yomon tush ko‘rdim shekilli», deb o‘yladi. Lekin eshikdan yugurib kirgan Javhar oftobachining qo‘rqinchli vajohati:
— Hazratim, yog‘iy bosdi! — degan so‘zlari uning boshiga quyilgan sovuq suvday vujudini seskantirdi.
U sakrab turib, etigiga paytavasiz oyoq tiqdi. Javhar oftobachi qaltirab tutgan to‘nni kiyib, qilichini shosha-pisha taqdi. Sadoqatli oftobachi uning ko‘kragiga po‘lat chiroyna, yelkasi va qo‘liga boshqa zirhli narsalar ham kiydirmoqchi edi, lekin bunga Humoyunning sabri chidamadi. U dubulg‘ani yo‘lakay boshiga kiydi-da, chodirdan tashqariga otildi. Yomg‘ir sevalab turgan tong g‘ira-shirasida qarorgohning janub chetidagi chodirlarni yiqitib, odamlarni bosib-yanchib, na’ra tortib kelayotgan yuzlab harbiy fillar Humoyunning ko‘ziga tashlandi.
— Menga ot keltiring! — qichqirdi u. — Bayramxon qani? Ustod Xonquli, zambaraklarni o‘qlang!
Humoyunga og‘ir zirhli kejim yopilgan saman otni keltirdilar. Uzangi tezda oyog‘iga ilinmagach, otning bo‘ynigna qo‘lini solib, egarga sakrab mindi. Shu payt Bayramxon yigirmatacha navkar bilan ot choptirib keldi.
— Sherxon sulhni buzib nomardlik qildi! Hazratimni o‘rtaga olinglar! — buyurdi bayramxon navkarlariga.
Qarorgohning yov kelgan janub chetidagi yuzlab navkarlar saflanishga ulgurolmay, tumtaraqay bo‘lib qocha boshladi. Selday bostirib kelayotgan yov otliqlari ularni daryolar tomonga surib ketdi.
— Bizning harbiy fillar qani? — qichqirdi Humoyun. — Zambaraklar nechun jim? Xonqulibek!
— Hamma g‘aflatda qoldi! — dedi Bayramxon, so‘ng to‘pxona va filxonalar tomonga ot choptirib ketdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:59:03
Humoyunning ko‘zi saropardaga tushdi. Uning ich¬karisidan bolalarning qo‘rqib yig‘lagan tovushlari eshitildi. Ayollarning ahvoli nima bo‘ladi? Olti yashar qizchasi Aqiqa begim, xotinlari Beka begim, Chand bibi hammasi o‘sha ulkan sarparda ortidagi chodirlarda.
Humoyun otining boshini saroparda tomonga burdi. Qo‘riqchi navkarlar uni uch tomondan o‘rab bora boshladi. Tepadan tushayotganda yovning harbiy fillaridan o‘ttiz-qirqtasi saroparda tomonga chopib kelayotganini ko‘rdi. Shu payt ularnnig qarshisidan gumburlab to‘fanglar otildi. Borut tutini orasidan yaralangan fillarning asabiy bo‘kirigi quloqqa chalindi. Qarorgoh xiyla katta maydonni egallagan, unga Humoyunning o‘ng ikki ming qo‘shini, shunga yarasha ot-ulov va to‘pxonalari joylashgan. Sherxonning ot¬liqlari va fillari janub tomondan yorib kirguncha markazda va shimoli sharqda Humoyun askarlarining uch-to‘rt mingi otlanib, qurollanib, dushmanning yo‘lini to‘sib chiqdi. Xos navkarlar otgan to‘fang o‘qlari yov fillariga va otliqlariga borib tegayotganini ko‘rgan himoyachilar yov otliqlari bilan astoydil olisha boshladilar. Qilichlar va nayzalar bir-biriga urilib, to‘¬da-to‘da otliqlar uymalashib, olishib qoldi. Mar¬kazda ikki tomonning harbiy fillari bir-birlarini tepib, tishlarini tishlariga qarsillatib urar, fil ustidagi kajavalarda o‘tirgan merganlar yov fillarning ko‘zini yoki filbonning ko‘kragini mo‘ljalga olib yoydan o‘q otishardi.
Ammo qarorgohning ikki chetida qarshilik ko‘rsa¬tuvchilar safi juda siyrak. Selday yopirilib kelayotgan Sherxon otliqlari yalangoyoq-yalangbosh qochib ketayotganlarni quvib yetib, qilich bilan chopib tashlamoqda. Daryo qirg‘og‘iga qochib borganlar kemalar va qayiqlarga tashlanyapti. Chap qa¬notni ezib-yanchib o‘tgan rajput otliqlari markazdagi Sherxon askarlariga yordamga yetib keldilar. Hu¬mo¬yunning harbiy fillari Sherxonnikidan oz, zambaraklarning chaqmoq bilan yondiriladigan piltalari rutubatli zax havoda nam tor¬tib qolgani uchun Xonqulining sarosima harakatlari natija bermadi. Zambaraklar o‘q otgunlaricha bo‘l¬may, dushman fillari to‘pxonalar ustiga bostirib keldi. O‘qlangan, ammo otib ulgurilmagan, piltasi yonmay tutab turgan zambarak quvurlarini xartumlari bilan ko‘tarib loyga otdilar. To‘pchilarning qochib ulgurolmaganlarini kajavadagi merganlarning o‘qi va ortdan kelgan otliqlarning qilich-u nayzalari nobud qildi.
Buni ko‘rgan Bayramxon sog‘ qolgan navkarlari bilan saroparda turgan tomonga chekindi. U Beka begim xizmatida bo‘lgan va besh yashar o‘g‘ilchasi bilan saroparda ichidagi kichik bir chodirda turadigan xotinini qutqarishni o‘ylar edi.
Naryoqdan otliq yetib kelgan Humoyun qarorgoh markazi ham yov qo‘liga o‘tganini, faqat daryo bo‘yi hali xatarsiz ekanini ko‘rdi:
— Ayollar bilan bolalar daryo bo‘yiga olib o‘tilsin!— deb qichqirdi. — Bayramxon, siz markazdan kelayotgan yovning yo‘lini to‘sing! Mavludbek, xaylxonani* kemaga eltib joylang!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:59:19
Mavludbek boshlab chiqqan Beka begim, Aqiqa, Chand bibi, Bayramxonning o‘ttiz besh yoshlardagi turkman xotini, yana bir qancha kanizlar, xizmatkor ayollar shosha-pisha daryo tomonga yo‘l oldilar. Biroq ular qirg‘oqqa yetib borguncha daryo chetidagi kema va qayiqlar oldinroq qochib borgan bek-u navkarlarga to‘lib qolgan edi. Vahima ichida tarti¬¬b-intizomni unutgan, jonidan boshqa narsa ko‘ziga ko‘rinmay qolgan odamlar birdan bir najot mana shu kema va qa¬yiqlar ekanini allaqachon sezishgan edi. Kemachi va eshkakchilar betartib qochib kelganlarni podshoning ruxsatisiz kemaga kirgizmaslikka urinib qarshilik qildilar. Qilich va xanjarlar ishga tushdi. Lekin qochqin olomon benihoya ko‘payib ketdi, qarshilik qilgan kemachilarni surib, yiqitib o‘tdi. «Gunjoyish» kemasining eshakchilaridan biri bo‘lgan Nizom bu ur-surda o‘zini chetga olib, zo‘rg‘a omon qoldi. Zo‘rlik bilan tortib olingan kema va qayiqlar saropardadan olib chiqilgan ayollar va bolalarning yetib kelishiga qarab o‘tirmay narigi qirg‘oqqa tomon yo‘l oldi.

Qayiqlarni ham boshqa qochqin navkarlar va beklar tortib olishdi. Nizom qirg‘oq chetidagi omborda meshlar borligini esladi. Chopib kelib kattaroq bir meshin tanladi-da, qaytib chiqdi. Bu orada dushman otliqlaridan uch-to‘rt yuztasi Mavludbek boshlab kelayotgan ayollar va bolalarnnig yo‘lini to‘sib chi¬qayotganini ko‘rdi. Nizom yov otlarinnig oyog‘i tagida qolib ketishdan qo‘rqib, qirg‘oq bo‘ylab Humoyun tomonga qochdi.
Bayramxonning otliqlari Humoyunni o‘rab olib, tepalikning narigi tomonidan daryo qirg‘og‘iga qarab chekinmoqda edi. Dushman otliqlari podshoning xos navkarlari safini yorib o‘tolmadi. Shunda yovning harbiy fillaridan uch-to‘rttasi himoyachilar halqasiga tashlandi. Xos navkarlarda to‘fanglar bor edi. Fil¬lardan ikkitasi to‘fanglardan ustma-ust otilgan to‘n¬g‘iz o‘q¬larga uchib yiqildi. Ammo sag‘risiga o‘q tekkan, yara og‘rig‘idan battar quturib ketgan uchin¬chi fil to‘fang otayotgan navkarlarga bo‘kirib hamla qildi. Otlardan birini qattiq tepib, chavandozi bilan ag‘anatib yubordi. Humoyun himoyasida turgan ikkinchi otliq navkarni xartumi bilan belidan o‘rab olib egardan dast ko‘tardi-yu, big‘illatib qisib, yerga chalpak qilib urdi va tanasini oyog‘i bilan bosib-yanchib o‘tdi. Darg‘azab fil qarshisida himoyasiz qolgan Humoyun qilichini qinidan sug‘urdi. Fil unga xartumini cho‘zib yaqin kelganda Humoyun qora ilonday harakatchan bu baloni kesib tashlamoqchi bo‘lib qilich sermadi. Ammo xartum qilichdan chaqqonroq edi. Tig‘ borguncha fil o‘z xartumini yo‘g‘on oq tishlarining panasiga olishga ulgurdi. Humoyun zarb bilan urgan qilich filning yo‘g‘on so‘yloqi tishlari orasidagi qalin terisini kesib o‘tdi-da, teri bilan tish suyagi orasiga kirib ilinib qoldi. Humoyun qilichni sug‘urib olguncha bo‘lmay o‘ng yelkasiga yoy o‘qi jazillab sanchildi. Fil ustidagi kajavada o‘ltirgan merganlar uning ko‘kragini mo‘l¬jalga olgan, lekin oti-yu o‘zi tinimsiz harakatda bo‘lgani uchun o‘q yelkasiga tekkan edi. Shoshi¬linchda zirhli kiyim kiymaganiga Humoyun endi afsus qildi. Og‘riqdan jonsizlangan o‘ng qo‘li qilichni sug‘urib olishga yaramadi. Fil bir silkinganda oltin qilich dastasi Humoyunning qo‘lidan chiqib ketdi. Yo‘g‘on qora xartum qaytadan uning bo‘yniga cho‘zilib kela boshladi. Humoyun chap qo‘li bilan otning jilovini keskin siltab chetga burdi-yu, yol ustiga engashdi. Shu payt uning yonginasida yana to‘fang gumburladi. Fil Humoyun bilan andarmon bo‘lgan paytda to‘fangni qayta o‘qlashga ulgurgan xos nav¬karlardan biri filning peshonasini mo‘ljalga olib tepkisini bosgan edi. Tishiga oltin qilich ilinib qolgan, sag‘risidan va xartumi ustidan qon oqayotgan ulkan fil endi peshonasini qoraytirib teshib kirgan o‘qdan gandiraklab orqaga tisarildi-da, gursillab yiqildi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 12:59:33
Orqadan yana yov otliqlari va fillari bostirib kelmoqda edi. Bayramxonning ovozi keldi:
— Hazratimni daryo bo‘yiga olib ketinglar! Biz yog‘iyni o‘tkazmagaymiz! La’l Chand, filingiz bilan himoyada turing!
Humoyunning yelkasiga qadalib turgan uzun yoy o‘qi ot yo‘rtganda qattiq silkinar va jazillatib og‘ritar edi. Uning yonida otliq borayotgan Javhar oftobachi Humoyunning rangi bir oqarib, bir ko‘karib ketayotganini, og‘riq zarbidan ko‘ziga tirqirab yosh kelganini ko‘rdi-yu:
— Hazratim, ruxsat bering, yarangizni bog‘lay! — dedi va boshidan yangi simobi sallasini oldi. Hu¬moyun himoyachi navkarlar qurshovida ot choptirib borar ekan, yana yol ustiga engashib, chap qo‘lini o‘ng yelkasiga cho‘zdi-yu, qadalib turgan yoy o‘qini bir harakat bilan sug‘urib tashladi. Shu payt og‘riqdan ingrab, otning yoliga yuzini bosdi. Javhar oftobachi o‘ng tomondan otini jips keltirib, uni qo‘l¬tig‘idan suyadi. Yelkadan oqayotgan qonni to‘x¬tatish uchun yaralangan joyni yumshoq salla matosi bilan besh-olti marta o‘rab, qattiq chirmadi-yu, qo‘ltiq tagidan tang‘ib bog‘lab qo‘ydi.
Bayramxon va La’l Chand markazdan o‘tib kelgan yovning yo‘lini to‘sgan bo‘lsa ham, ikki qanotdan yorib kirgan boshqa yuzlab otliqlar Humoyunga qarab yopirilib kelmoqda edi. Tepalikdan turib jangni boshqarayotgan Sherxon Humoyunning daryo to¬mon¬ga chekinganini ko‘rgan, uni yo o‘lik, yo tirik albatta qo‘lga olishni har ikki qanot sarkardalariga buyurgan edi. Humoyun orqaga o‘girilib qarab, Bay¬ramxon La’l Chand boshliq fillar yordamida himoyada turganini ko‘rdi.
Qirg‘oqda birorta kema ham, qayiq ham yo‘q. Odam to‘la bir kema narigi qirg‘oqqa yetay deb qolgan. «Mavludbek ayollar bilan bolalarni o‘sha kemada olib chiqib ketgandir», degan o‘y Humoyunga ozgina tasalli bergandek bo‘ldi. O‘ng qanotdan otilib chiqqan yov otliqlari yuzdan ortiq. Humoyunni hi¬moya qilib qirg‘oqqacha kelgan navkarlar esa o‘ttiz-qirqtagina, xolos. Qurshovda qolib asir tushish o‘limdan ham dahshatliroq. Humoyun qilich dastasini qidirib belini paypasladi. Ammo bo‘sh yengil qin salanglab osilib turganini ko‘rdi va boyagi yarador filni esladi.
Chug‘urchuqday behisob dushman otliqlari tobora yaqinlashib kelayotgani Nizomni ham sarosimaga soldi. U qo‘lidagi meshga havo puflab, uni tarang qilib shishirdi-da, og‘zini mahkamlab bog‘ladi. Mesh yordamida narigi qirg‘oqqa suzib o‘tish uchun suvga qarab chopdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 13:00:07
Bo‘tana bo‘lib to‘lib oqayotgan toshqin daryo Humoyunning vahmini keltirdi. Lekin yaqin kelib qolgan dushmanlarga asir tushish undan ham dahshatliroq edi. Tagidagi saman — zo‘r ot, Hu¬moyun suzishni biladi. Xos navkarlar yov ilg‘orlari¬ning yo‘lini to‘sib, ular bilan qilich chopisha boshlagan paytda Humoyun Nizom suvga tushgan joydan sal nariroqda otini qirg‘oqdan daryoga sakratdi. Suv avval otning sonigacha keldi, keyin qorniga chiqdi. Humoyun egardan tushib sog‘ qo‘li bilan samanning bo‘ynidan quchoqlab oldi. O‘ng qo‘l butunlay ishdan chiqqan, sal qimirlatsa yelkadagi yara og‘rig‘iga chidab bo‘lmaydi. Daryo birdan chuqurlashib, otning oyog‘i yerga tegmay qoldi. Ot ustiga yopilgan og‘ir zirhli kejim va uning bo‘yniga osilib olgan yarador Humoyunning vazni samanni cho‘ktirib yubora boshladi. Ot pishqirib tumshug‘ini suvdan chiqardi-yu, birpas suzib ko‘rdi, ammo yana suvga botib ketdi. Humoyun otning bo‘ynini qo‘yib yuborib bir qo‘llab suzib ko‘rdi. Ammo kutilmagan girdoblar uni pastga tortib ketayotganday bo‘ldi-yu, yana cho‘kayotgan otning yoliga yopishdi.
Bu orada Humoyun oqim kuchi bilan Nizomga yaqin borib qoldi. Meshga ko‘kragini berib qiyalab suzayotgan Nizom esa podshoga bir joyi tegib ketishidan cho‘chib, o‘zini nariroq oldi.
Axir daryolar oralig‘idagi bu bexosiyat joyni qarorgoh qilishga Nizom ham boshqa hind suvchilari qatori qarshi edi. Lekin Humoyun ularning ogoh¬lantirishiga quloq solmadi, yana xushomadgo‘y bek¬larining gapiga kirdi, chodirda may ichib yotib fursatni boy berdi. Bugun ko‘p qatori Nizom ham shu xatolarning kasofatiga qoldi. Bas, endi Nizom bu podshoga yaqin bormaydi. Laganbardor beklari Hu¬mo¬yunni «yengilmas botir!» deb maqtashadi. Qani, Karamnasa ichida shu botirligini bir ko‘rsatsin! Boya daryoga ot sakratib kirganiga qaraganda xash-pash demay narigi qirg‘oqqa suzib o‘tsa ajab emas.
Bu kinoyali o‘ylar asnosida suv tagidagi allaqanday o‘pqon girdobi Nizomni oyoqlaridan pastga torta boshadi. U ko‘kragini qo‘ygan mesh ham kuchli girdobga tushib aylanib ketdi. To‘satdan Nizomning nafasi qaytib, ko‘zi tinguday bo‘ldi.
Hind kemachilarining Karamnasadan hayiqib, uni chetlab o‘tishlari bejiz emas edi. Bu daryoning tagida chuqur o‘pqonlar ko‘p, suv girdobi ularga quyilib tushayotganda odamni ham pastga tortib ketar edi. Yomg‘ir faslida tog‘ ichidagi simob konlaridan Ka¬ram¬nasa daryosiga ko‘ngilni aynitadigan, hatto odamni es-hushidan ketkizadigan badbo‘y, zaharli narsalar oqib kelardi.
Zaharli hovurdan ko‘ngli aynay boshlagan Nizom mesh ustiga yuztuban yotib oldi-yu, qo‘l-oyoqlarini eshkak o‘rnida ishlatib, talpina-talpina girdob komidan chiqdi. Bir payt shunday yonginasida suvga cho‘kayotgan Humoyunni ko‘rdi. Humoyun qo‘l-oyoqlarini kerib turib yuqoriga bor kuchi bilan talpindi-da, boshini bir lahza yuzaga chiqardi. Yuto¬qib nafas olarkan:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 13:00:19
— Kim bor? Qutqaring! — deyishga ulgurdi-yu, yana loyqa girdoblar orasiga cho‘kib keta boshladi.
Nizom uning chindan g‘arq bo‘layotganiga endi ishondi va beixtiyor meshni unga yaqin olib bordi. Humoyun yana bir talpinib suv yuziga chiqqanda Nizom uni yelkasidan tutib oldi-da, mesh ustiga ikki qo‘llab tortib chiqardi.
Ho‘kizning terisidan qilingan mesh kattagina bo‘lsa ham, ikki kishining og‘irligini ko‘tarolmay, suvga botib ketdi. Buni ko‘rgan Nizom qo‘lini mesh chetidan va Humoyunning yelkasidan olmagan hol¬da, tanasining butun og‘irligini suvga tashladi. Shun¬da mesh suv yuziga yana qalqib chiqdi. Humoyun sog‘ qo‘li bilan meshga jonholatda yopishdi-yu, Nizomning yordamida ko‘kragini va zilday og‘ir o‘ng yelkasini mesh ustiga chiqarib oldi. Ichiga ketgan suvdan o‘qchib yo‘taldi, nafasini rostlay olmay hansiradi, yelkasidagi yara og‘rig‘idan ihradi.
Nizom uning Agrada fil minib, Ko‘hinur olmosini peshonasiga qadab yurgan paytini esladi. O‘shanda Humoyun Nizom uchun qo‘l yetmas bir balandlikda edi. Hamida bonuni bu yigitga bermoqchi bo‘lganla¬rini eshitib, Nizom qanchalik iztirobga tushgan edi! Humoyun Agraga omon qaytsa qizni unga hali ham olib berishlari hech gap emas. Bu o‘y Nizomning qalbini kuydirib o‘tdi. Ikki kishi bir meshda bu xatarli daryodan suzib o‘tishlari amrimahol. Suvosti o‘pqonlari Nizomni ham Humoyunga qo‘shib pastga tortib ketishi mumkin.
Lekin Humoyun og‘riqdan ihraganda Nizom uning yelkasidan yaralanganini, tang‘ib bog‘langan lattada qonli dog‘lar borligini ko‘rdi. Daryo bo‘yida o‘sgan Nizom suvga g‘arq bo‘layotgan kattami, kichikmi, kimni ko‘rsa yordam qilib o‘rgangan. Humoyun hozir avvalgi mag‘rur hukmdor emas, balki Sherxonning sulh haqidagi gapiga ishonib aldangan, yarador bir jangchi. Nizom Hamidaga oid dardi-yu qalbida bir lahza bosh ko‘targan raqiblik tuyg‘usi tufayli uni qutqarmay tashlab ketadigan bo‘lsa, keyin odamlarning yuziga qanday qaraydi? Qutqarish mumkin bo‘lgan odamni ko‘ra-bila turib,  cho‘ktirib yubo¬rish — yo‘q, Nizom bunday qilolmaydi!
U butun kuchini, shuncha yil daryoda suzib orttirgan bor tajribasini ishga solib meshni Humoyun bilan birga girdoblar orasidan olib chiqa boshladi. Humoyunga qarab:
— Siz ham oyoqni ishlating! — deb buyurdi. — Suvostida o‘pqonlar ko‘p. Tortib ketmasin!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 13:00:33
Humoyun mingan saman otni bu o‘pqonlar allaqachon suvostiga tortib ketgan edi. Yovdan qirg‘oqqa qochib kelib, o‘zini suvga tashlayotgan minglab otlig‘-u piyodalar ham shu girdoblar orasiga suzib kirgandan keyin daqiqa sayin kamayib yo‘q bo‘lib bormoqda. Humoyun hindlarning Karamna¬sadan bunchalik qo‘rqib irim qilishlariga sabab borligini endi bildi-yu, suv ichida oyoqlarini suzgandagi kabi harakatlantirib, Nizomga yordam bera boshladi.
Boya jon-jahdi bilan talpinib yuzaga chiqqanda etigining bir poyi oyog‘idan chiqib ketgan ekan. Humoyun buni endi sezdi-yu, etikning ikkinchi poyini ham yalang oyoq bilan itarib, yechib tashladi. Etiksiz oyoqlar bilan suzish xiyla osonlashdi. Nizom ikkalasi meshga osilib, talpina-talpina xatarli girdoblar orasidan chiqdilar. Kuchli oqim ularni endi daryoning o‘rtasiga qarab oqizib ketdi.
Humoyun ko‘p uringan sari yelkasidagi yaradan qon ketib, uni darmonsizlantirib qo‘ydi. Buning ustiga daryoning o‘rtasida nafasni bo‘g‘adigan badbo‘y hovur quyuqlashib ketdi. Humoyunning ko‘zi tinib, boshi aylandi, qo‘li ham jonsizlandi, og‘ir gavdasi meshdan suvga sirg‘alib tusha boshlaganda:
— Yigit... meni... tuti... — deyishga ulgurdi.
Nizom tezda meshning old tomoniga o‘tdi-yu, Humoyunni sog‘ qo‘lidan va to‘nining yoqasidan tutib, yana mesh ustiga tortib chiqardi.
Badbo‘y bug‘lar Nizomning ham ko‘nglini behud qilib, ko‘zini xiralashtirdi. Shunda u bir qo‘lini bo‘shatib, salqin suv bilan yuzini yuvdi. Bu biroz yengillik berganini sezdi-da, ho‘l qo‘lini Humoyun¬ning peshonasiga qo‘yib turdi. Humoyun yana ko‘zini ochdi.
Daryo oqimi meshni shitob bilan Ganga tomon oqizib ketmoqda edi. Humoyun hushini yig‘ib, Nizomga ko‘z tashlar ekan, xuddi boshqa dunyodan qaytib kelganday bo‘ldi.
Nizom uning ko‘z ochganidan yengil tortib:
— Xayriyat! — dedi. — Meshni mahkam tuting. Bu oqim bizni Gangaga oqizib borsa g‘arq bo‘lgaymiz.
Ikki daryo ayqashgan joy juda xatarli!
Humoyun sog‘ qo‘li bilan mesh chetidan bo‘shgina ushladi-yu, yana ko‘zini yumdi. Unda umidsiz bir loqaydlik paydo bo‘ldi. Bu daryolardan tirik chiqolmaydiganga o‘xshaydi. Qiynoqlar tezroq tugay qolgani afzal emasmi? Koshki tezroq xushidan ketsa!..
— Meni qo‘ying, — dedi u Nizomga. — O‘zingizni qutqaring...
— Yo‘q, hazrat! Men sizning kemangizda xizmat qilib maosh olurmen. Sizni suvdan o‘tkazib qo‘y¬ma¬sam, menga bergan noningiz harom bo‘lg‘ay. Men halol non yeb o‘rganganmen!
Humoyun sergaklandi. Yalangoyoq bir eshkakchi deb, kemada ko‘rganda pisand qilmay yurgan yigit shunday xatarli asnoda ham halol-haromni unutmasa, bunda bir karomat bor.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 13:00:49
— Birga zo‘r bersak, omon chiqgaymiz, hazrat! — dedi Nizom. — Siz meshni mahkam tutsangiz bas! Ushlang! Mahkam tuting!
Nizomning ovozida shunday bir qat’iyat va ishonch bor ediki, Humoyun shuning ta’sirida «zora tirik qolsam!» deb umidlandi. U endi o‘zidan ko‘ra Nizomga ko‘proq ishona boshladi. Humoyun bu suvchi yigitning irodasiga so‘zsiz bo‘ysunib, ko‘kragini mesh ustiga yaxshiroq o‘rnatdi-da, sog‘ qo‘li bilan uning narigi chetini qattiq changallab oldi. Nizom bo‘ynigacha suvga botgan holda meshni ikki qo‘llab narigi qirg‘oq tomon surdi, oyoqlarini ham, butun gavdasini ham g‘ayir oqimga qarshi jon-jahdi bilan ishlatib, vujudidagi barcha muskullarni go‘yo suz¬g‘ichga aylantirib yubordi. Humoyun ko‘kragi bilan osilib yotgan mesh oqimni yorib o‘tib, narigi qirg‘oqqa tomon qiyalab bora boshladi. Qirg‘oqdagi yashil daraxtlarni, ko‘katlar orasiga sochilgan rang-barang gullarni Humoyunning ko‘zi endi ko‘rdi. Unda birdan yashash ishtiyoqi kuchayib ketdi. Endi u ham suvdagi oyoqlarini oqimga urib, suzgandagi kabi harakatlar bilan Nizomga yordam bera boshladi. Mesh boyagidan yengilroq va tezroq harakatlanib, nihoyat, narigi qirg‘oqqa yetib to‘xtadi.
Ular suv chetidagi shag‘al aralash loyqadan og‘ir qadamlar bilan yurib o‘tishdi-yu, pastgina qirg‘oq bo‘yidagi ko‘kalamzorga cho‘zilishdi. Anchagacha og‘ir nafas olib, hansirab yotishdi.
Bulutlar orasidan suzib chiqqan xira oftob nayza bo‘yi ko‘tarilgan edi. Tong g‘ira-shirasida boshlangan dahshat bir necha soat ichida Humoyun qo‘shinini tor-mor qildi, ne-ne yigitlar suvga g‘arq bo‘lganini uning o‘zi ko‘rdi. Sherxon hozir daryoning naryo¬g‘ida g‘alaba zavqini surayotgan bo‘lsa kerak...
Yuz bergan falokat qanchalik ulkan bo‘lmasin, uning barcha dahshatlari orasidan o‘tib kelayotgan bir tutam nur Humoyunning ko‘ngliga yog‘du sochib turganday tuyulardi. Axir u daryo girdoblari orasida hayotdan butunlay umidini uzgan edi. Saman ot bilan birga o‘pqonga tortilgan payti, so‘ng mesh ustidan sirg‘alib tushib hushidan ketgani xayolida qayta gavdalandi-yu, qalbiga tushib turgan nur — unga yangidan berilgan hayotning nuri ekanini sezdi.
Qaytib berilgan hayot tuyg‘usi barcha ko‘rgiliklar alamidan zo‘rroq bo‘lishini u endi sezdi. Yelkasidagi yara og‘rig‘ini ham unutib, o‘rnidan turib o‘tirdi. Yonida hamon nafasini rostlay olmay hansirab yotgan Nizomga iymanibroq ko‘z tashladi. Uni o‘zidan bir necha bor ustun bo‘lgan tengsiz bir bahodirday e’zozlagisi kelib:
— Siz menga inilarim qilmagan yaxshilikni qildingiz, — dedi. — Otingiz nedur?
Nizom yonboshga turib, o‘z otini aytdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 05 Dekabr 2009, 13:01:05
— Nizom! — deb Humoyun uning otini yoqtirib takrorladi: — Bu daryo ichida ikkovimiz dunyoga qaytadan kelganday bo‘ldik.
— Rost, onadan qayta tug‘ildik, — dedi Nizom ham.
— Hozir siz menga tug‘ishgan inimdan ham azizroqsiz. Nomingizni Dehlidagi Nizomiddin avli¬yoning nomlariday ulug‘lasam arzigay!
Nizom Humoyunning podsholigini unutgan edi. Kiyimlari shalabbo ho‘l, yarador, yalangoyoq bu yigit zamona zo‘rlarining boshida turgan tojdor ekani birdan esiga tushdi.
— Agar meni rostdan tutingan ini o‘rnida ko‘rsangiz, sizga ikki og‘iz arzim bor.
— Ayting, bajonidil tinglay!
— Poraxo‘r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar mamlakat xalqini sizdan bezdirdi. Qancha hind yigitlari Sherxon tomonga o‘tib ketdi. Amir Sherxon hindi-yu muslimni bir-biridan ajratmas ekan!..
— Men ham hindi-yu muslimni yakdil qilish orzusida edim. Ammo bu mushkul ishda kimga tayanishimni bilmadim.
— Hind eliga tayaning-da, hazrat. Bu elda bhaqtiylar* bor. Ularning shoiri Kabir hindi-yu muslimni o‘z dilida birlashtirgan. Mening otam bhaqtiy bo‘lgani uchun tuhmat bilan zindonga tashlandi.
— Kim tuhmat qildi?
— Siz ishongan amaldor-u shayxlar.
— Men o‘zim bu adolatsiz muhitdan qanday qutu¬lishimni bilmasmen! Otangiz Agradagi jindondami? Poytaxtga qaytaylik... Siz o‘zingiz... otangizga tuhmat qilgan amaldor-u shayxlarga jazo berdirgaysiz.
— Men? — ishonqiramay so‘radi Nizom.
— Ha, omonlik bo‘lsa, siz hali istaganingizdan ham katta martabaga erishgaysiz.
Nizom istagan martaba nima ekanini o‘zi ham bilmaydi. Uning eng zo‘r istagi — otasini zindondan qutqarishu Hamidani yana ko‘rish. Bu go‘zal qizni u juda sog‘inib yuribdi. Lekin Hamida to‘g‘risida Hu¬moyunga og‘iz ochishga tili bormadi. Faqat podshoni qutqargani hali taqdirida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini ich-ichidan sezdi-yu, yuragi g‘alati bo‘lib hapqirdi.

_____________
* Xaylxona — podsho va a’yonlarnnig xotin, bola-chaqalari.
* B h a q t i y l a r — adolatparvar xalq harakatining ishtirokchilari.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:33:37
A G R A
NIZOM TAQDIRINING TEBRANISHLARI

Humoyun daryo o‘pqonlaridan omon chiqqan bo‘lsa ham, Ganga bo‘yidagi mag‘lubiyatning yomon oqibatlari yanada dahshatliroq o‘pqonlar va girdoblarga aylanib, uni o‘z qa’riga torta boshladi. Ganga va Karamnasada suvga cho‘kib o‘lganlarning soni yetti mingdan ortiq, Sherxon askarlari bilan jang qilib halok bo‘lganlar va asir tushganlar esa besh mingga yaqin. Malomat ustiga qo‘shilgan baxtsizlik tufayli Humoyunning xotinlari Beka begim va Chand bibi, Qizi Aqiqa begim, ishongan sarkardasi Bay¬ramxon ham Sherxon tomonidan asir olingan edi.
Bu shum xabarlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan sari Humoyunning el orasidagi obro‘si tushib ketdi. Suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan marhumlardan har birining otasi, onasi, yaqin qarindoshlari bor. Ular loaqal o‘z jigarbandlarining jasadlarini topolmaganidan, toshqin daryolar ko‘p o‘liklarni benom-u nishon yo‘qotib yuborganidan jizg‘anak bo‘lib kuyar edilar. Achchiq alam va musibat ichida qovurilgan azadorlar Humoyundan ixlosi qaytib qichqirishardi:
— Humoyun eplasa podsholik qilsin-da!
— Daf bo‘lsin bunday noshud sarkarda!
— Kelgindi temuriyzodadan to‘ydik!
— Yo‘qolsin Humoyun!
— Daf bo‘lsin!!
— Ketsin yurtiga, kelgindi!!!
Agra atrofida g‘ulu ko‘targan olomonning achchiq gaplarini Ganga bo‘yidan qaytayotgan Humoyunning o‘zi ham eshitdi. Kunduz kuni poytaxt aholisiga ko‘rinishga yuzi chidamagani uchun Agradagi Hasht Bihisht bog‘iga kechasi qorong‘ida kirib keldi.
Bu yerda uni Xonzoda begim, Gulbadan va boshqa yaqinlari kutib turgan edilar. Xonzoda begim qorong‘ida Humoyunning o‘zini ko‘rib ulgurmasidan shirador ovozini eshitdi-yu, yuragi hapriqib ketdi. Humoyunning ovozi otasi Boburnikiga shu qadar o‘xshar ediki, begim noxosdan uning tovushini eshitsa inisi tirilib kelayotganday hayajonga tushar edi. Hozir ham to Humoyun bek-u mulozimlardan ajra¬lib, ayvonda muntazir turgan ayollar oldiga kelguncha begim o‘z yuragining gursillab urganini eshitib turdi.
Humoyun ilgarigidan hiyla ozg‘in va xipcha ko‘rindi. Yarador o‘ng yelkasi hali tuzalmagan, to‘nining bir yengi bo‘sh. U ayollarga chap yelkasini tutib ko‘rishdi. Boshiga kasaba ro‘mol o‘ragan, iyagiga lachak tutgan singlisi Gulbadanni tezda tanimadi.
— Ie, Gulbadan senmiding? — deb u bilan keyin ko‘rishdi. — Ilgari toqida yurar eding. Endi lachak tutadigan bo‘libsan! Zo‘rg‘a tanidim!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:33:52
Humoyun o‘zini tetik ko‘rsatish uchun shu gaplarni aytdi-yu, keyin Xonzoda begim bilan xonayi xosda yolg‘iz qolganda lablari pir-pir uchib o‘pkasi to‘lib gapirdi:
— Xatolik o‘zimdan o‘tdi, hazrat amma! O‘zim noshudlik qildim! Qancha vaqtim kayf-u safo bilan o‘tdi! Shon-shuhratnnig ketidan quvib, peshonamga Ko‘hinur olmosini taqib yurganlarim!.. Xudo bandasini jazolamoqchi bo‘lsa avval uni hovliqtirib aqlini olar ekan. Men ham aqlimni yo‘qotib qo‘yganimni endi bilmoqdamen!
Humoyun hamma dardini aytib ko‘nglini bo‘shatsin uchun Xonzoda begim uning so‘zini bo‘lmay toqat bilan jim tingladi. U butun aybni boshqalarga to‘nkab, o‘zini oppoq qilib ko‘rsatadigan mayda odamlardan emasligi begimga zimdan tasalli berdi.
— Humoyunjon, otangiz ham qanchalik og‘ir mag‘lubiyatlarni boshdan kechirganini bir eslang. Siz-ku shu vaqtgacha faqat g‘alaba zavqini surib yurdingiz. Mag‘lubiyat qanday bo‘lishini endi ko‘rmoqdasiz. Lekin Samarqandda Shayboniyxon bizni besh oy qamal qilganda ne balolarni boshdan kechirmadik!
Xonzoda begim xon asoratida o‘tgan umrini eslab og‘ir «uh» tortdi. Shu «uh» bilan u go‘yo Humoyunning dard-u g‘amini o‘ziga olganday bo‘ldi. Oltmish ikki yashar Xonzoda begim shuncha azoblarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tgan bo‘lsa, Humoyun ham yana yaxshi kunlarga yetishishi mumkindir. Shu o‘y bilan Humoyun o‘zini xiyol bosib olganda Xonzoda begim uning yuziga onalarcha mehr bilan termuldi:
— Yuz shukurki, barcha falokatlardan omon chiqibsiz.
Humoyun daryodan tirik chiqqandagi nurli tuyg‘u hozir yana ko‘nglini yoritib qaytib keldi.
— Odam hayotning qadrini o‘lim bilan olishganda bilarkan, amma! Hayot-mamot oldida shoh-u gado barobar deganlari rost ekan. Toj-u taxt, oltin-kumush, obro‘-e’tibor hammasi butunlay o‘z aha¬miya¬tini yo‘qotarkan. O‘sha suvchi yigit Nizom... undagi halollik, poklik, beg‘arazlik, fidoyilik bizning hech birimizda yo‘q!
Xonzoda begim Nizomning ta’rifini eshitgan sari uni ko‘rgisi kelib:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:34:05
— O‘zi siz bilan birga keldimi? — dedi.
— Ha, hozir ota-onasini ko‘rgani ketdi. Ikki haftadan beri yonimdan qo‘ymay, ichki beklarim qatorida olib yuribmen. Boylikka qiziqmaydir. O‘zi hindlardan, muslim-u majusiyni barobar ko‘radir. Kabir degan bhaqtiy shoirga ixlosmand ekan. Jaloliddin Rumiy, Sa’diy she’rlarini ham yod bilur.
— Forsiy tilda-ya?
— Ha, turkiyni ham o‘rganibdir. Tug‘ma iste’dodi bor ekan. Zehni, aql-u farosati meni hayratga soldi. O‘zi uncha ko‘p maktab ko‘rgan emas, faqat to‘rt yil tahsil olgan, ammo xati-savodi o‘tkir. Hazrat otam¬ning turkiy she’rlaridan qariyb uch yuz baytini menga yod aytib berdi. Muhofazasining zo‘rligini shundan bildim. Qarangki, og‘ir paytda inilarimni yordamga chaqirdim, uchovidan birortasi Ganga bo‘yiga bormadi. Shuncha balolardan omon qaytdim, chiqib birortasi kutib olmadi! Men gunoh qilgan bo‘lsam, jazosini tortdim! Endi inilar ham tortsin!
— Siz inilaringizga jazo bermoqchimisiz?
— Inilarim nuqul taxt talashurlar. Uxlasalar tushlariga podsho bo‘lish kirgay! Biroq men toj-u taxtni inilarimga emas, hind yigiti Nizomga bermoqchimen! Shoyad o‘shanda hind eli bizning xatolarimizni kechirsa!..
— Voy, bu qandoq mumkin, Humoyunjon? — Xonzoda begim hang-u mang bo‘lib qoldi.
— Inilarim shu qadar oqibatsizlik qilganda begona bir yigit jonini ming xatarga solib meni qutqargan bo‘lsa, men uni boshimga ko‘tarib e’zozlasam ar¬zimagaymi?
— Lekin siz unga toj-u taxtni bermoqchisiz-ku! Axir boburiylar sulolasi shu bilan tugasa... buni aytishga ham til bormaydir!..
— Bunisidan qo‘rqmang, hazrat amma. Men yomon xatolar qildim, otamning toju taxtiga o‘zimni nomunosib sezmoqdamen! Qalbi toza Nizom taxtga chiqib, uni menga poklab bergusidir! Axir jannatmakon otam ham kamtar dehqonlardan chiqqan Tohirni halol-u pokligi uchun o‘ziga behad yaqin olar edi-ku. Umrlarining oxirida bir go‘shada faqat shu Tohir bilan birga turishni istaganlari yodingizdami? Buning sababini men endi fahmlamoqdamen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:34:19
— Ruhiy larzalar haddidan oshib, sizni tushkunlikka solmishdir, Humoyunjon! Bu qaroringizda shoshilmang. Nizomni taxtga chiqarishdan oldin Sherxonga qarshi kuch to‘plang.
— Mamlakat xalqi bizdan begonasirasa, men kuchni qaydan to‘plagaymen, ammajon? Balki hindlar bizdan bezib Sherxonga yordam bergani uchun mag‘lub bo‘lgandirmen? Balki Nizomni menga taqdir o‘zi yordamga yuborgandir? Endi men halol yigitni astoydil e’zozlasam, shu bilan tagjoy hindlarning ko‘nglini olurmen, ishonchini qozonurmen, keyin ular menga madad berurlar!
Humoyunning dalillari ko‘p, qarori qat’iy ekanini sezgan Xonzoda begim:
— Axir siz Nizomga... podsholik udumlarini o‘rgatmog‘ingiz uchun fursat kerakdir? — deb so‘radi.
— Albatta. Davlatni boshqarish oson emas.
— Ungacha men Komron mirzo bilan bir uchrashay. Nechun sizni ko‘rishga chiqmadi? Saba¬bini bilaylik. Orada biron g‘ubor bo‘lsa tarqataylik.
— Oradagi g‘ubor menga ma’lum. Hozir Komron mirzo mendan o‘zini qudratliroq deb bilur. Men abgor bo‘ldim. Komron esa Kobul-u Badaxshon, Qandaxor-u Panjobning hammasiga hukmron bo‘lib oldi. Endi o‘zini podsho e‘lon qilib, nomiga xutba o‘qitishi qoldi, xolos!
— Komron unchalikka bormas. Nahotki jannatmakon otalaringizning vasiyatlarini unutsa?
Xonzoda begim shu o‘y bilan ertasi kuni soyabon aravada Komron mirzo turadigan Gulafshon bog‘iga yo‘l oldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:34:31
* * *

Komron mirzoning isitmasi bor, nam havoda qiynalib nafas olar va ichkarida o‘ltirgisi kelmas edi. U Xonzoda begimni ham gulzorlar orasidagi naqshin tolorda qabul qildi. Dasturxonga hindistonning no¬¬rinji va xurmosidan tashqari Turondan keltirilgan soyaki mayiz, lavzina va bargaklar ham qo‘yilgan. Xonzoda begim Komron bilan so‘rashar ekan, uning yirik gavdasi otasinikiga o‘xshab ketishini xayolidan o‘tkazdi. To‘rt og‘ayni ichida eng gavdasi yirigi, ko‘rinishi salobatlisi va ovozi jarangdori Komron mirzo. U turkiy tilning nozik tovlanishlarini Humo¬yundan yaxshiroq biladi, notiqligi ham Bobur mirzoni eslatadi. To‘rt og‘aynining har birida otalarining qaysidir xislati va fazilati bor, lekin nega ular yakdil bo‘lib birlasholmaydi? Xonzoda begim ana shuni tushunishga intilib, Komron mirzoning gaplariga kamoli diqqat bilan quloq soldi.
— Og‘amizning mag‘lubiyati hammamiz uchun ham og‘ir kulfat bo‘ldi, hazrat begim. Ayniqsa, xotinlari bilan qizlarining asirga tushgani biz inilar uchun ham misli ko‘rilmagan malomat.
— Shunday ko‘rgiliklar taqdirda bor ekan-da, Komronjon. Humoyun o‘zini o‘zi ayblab, ich-etini yeb o‘ltiribdir.
— Hatto otamizning taxtiga o‘zlarini nomunosib bilib, boshqa odamni podsho qilmoqchi emishlar, rostmi?
Bu sir xufiyalar orqali allaqachon Komronning qulog‘iga yetib kelganidan  Xonzoda begim hayratga tushdi.
— Amirzodam, odam og‘ir kayfiyat bilan har narsa deyishi mumkin. Har qalay, Humoyun sizning ulug‘ og‘angiz, shuncha falokatlardan keyin dargohiga borib ko‘ngil so‘rasangiz yaxshi bo‘larmidi?
— Kechadan beri tobim yo‘q, isitmam ko‘tarilgan.
Xonzoda begim Komronning ko‘zi yaltirab, lablari quruqshab turganiga endi e’tibor berdi.
— Xudo shifo bersin. Sizga ne bo‘ldi?
— Agra havosi menga yoqmadi. Jigarim shishgan. Tabiblar muolaja buyurgan. Sal o‘zimga kelsam, akamizdan albatta xabar olmoqchimen. Hozircha sizdan iltimos shulki, og‘amizga ayting, yalangoyoq saqqoni taxtga chiqarish fikridan qaytsinlar. Bu biz uchun yana bir malomat bo‘lg‘ay. Axir boburday podshohning yana uchta o‘g‘li turganda uning taxtiga qayoqdagi eshkakchi hindini chiqarish — otamizning xotirasiga-yu bizning hammamizga behurmatlik bo‘lmagaymi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:34:44
— Saqqo juda pok, avliyosifat yigit emish, Humoyun uning yaxshiligiga javoban shu ishni qilib, o‘z gunohlaridan poklanmoqchi.
— Og‘amiz chindan ham ko‘p gunohlar qilgan, agar o‘zlarini astoydil poklamoqchi bo‘lsalar, Makkatulloga hajga borsinlar!
Podshoni taxtdan tushirib hajga jo‘natish — uni o‘limga buyurishning pardali bir turi sanaladi, chunki haj yo‘lida himoyasiz qolgan tojdorni o‘ldiradigan qasoskorlar albatta topiladi. Komronning o‘z akasiga shunday qismatni ravo ko‘rayotganligi — uning ko‘nglidagi o‘gaylik adovati qanchalik shafqatsiz tus olganini Xonzoda begimga oshkor qilib qo‘ydi.
— Amirzodam, Humoyun bunday qismatga hech ham loyiq emas! Tepamizda otangizning arvohlari chirqirab qolmasin, Humoyunni halokat chohiga itaruvchi odamlar bo‘lsa, siz og‘angizni ulardan himoya qilmog‘ingiz kerak!
— Himoya bundan ortiq bo‘lurmi, hazrat begim? Hozir Agrani, uning atroflarini bizning o‘ng besh ming qo‘shinimiz qo‘riqlab turibdir. Akamizning besh mingtagina navkari qolgan. Agar biz bo‘lmasak, Sherxon Agraga ham qo‘shin tortib kelardi, haligacha uni bosib ham olardi!
— Bu gapingiz rost, amirzodam. Sherxonday xatarli dushman qarshisida og‘a-ini yakdil, yaktan bo‘linglar. Podsho og‘angiz atrofiga yig‘ilinglar!
— Podsho bo‘lishni og‘amiz eplolmadilar-ku. Buni o‘zlari ham tan olganlari bejiz emasdir?
— Endi, har qalay, jannatmakon otalaringiz Humoyunni voris tayinlaganlar.
— Rahmatli otam bizga atab yozgan ruboiylarini unutgan bo‘lsangiz men eslataymi?

Davlat bilan shod-u shodmon bo‘lg‘aysen,
Shavkat bilan mashhuri jahon bo‘lg‘aysen!
Ko‘nglingdagidek dahr aro kom surib,
Bu dahr borincha Komron bo‘lg‘aysen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:34:59
Komron she’r o‘qiganda xuddi otasining o‘zi bo‘ldi-qoldi. O‘sha sehrli ohang, nafosat va jo‘shqinlikka to‘la shoirona ruh. Ijodda otasiga eng yaqin turgan o‘g‘il — Komron ekaniga Xonzoda begim hozir yana bir marta ishondi. Ammo hayotda-chi? So‘z bir xil-u ish boshqa xil bo‘lmasa Komron boshiga kulfat tushgan akasiga nisbatan shunchalik shafqatsiz bo‘la olarmidi? Hajga ketsin emish-a! Akasini ketkizib, o‘zi tezroq taxtga chiqmoqchi-da...
Xonzoda begim shu o‘y bilan Komronning huzuridan chiqar ekan, Humoyun inilaridagi raqobat balosidan qutulish uchun ham mamlakatning ko‘p¬chilik aholisi bo‘lgan hindlarga suyanish zarurligini ich-ichidan his qildi. Naryoqdan Sherxon qilichini yalang‘ochlab kelyapti. Kim shu vaziyatda Humo¬yunning joniga ora kiradi? Faqat Nizom kabi halol va fidoyi odamlar! Zora Nizom taxtga chiqqandan keyin butun hind ulusi Humoyunga astoydil yon bossa-yu uning mushkullarini oson qilsa! Endi Xonzoda begim uchun ham yagona najot yo‘li shu bo‘lib ko‘rindi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:35:15
*  *  *

Nizom faqat ertaklardagina bo‘ladigan, odam ishonib-ishonmaydigan g‘alati kunlarni boshidan kechirmoqda edi. Kemaning pastki qavatida o‘ng oltita eshkakchining orasida siqilib o‘tirib ishlashga o‘rgangan yigit endi podsho saroyining yuqorigi qavatida olti xonali hashamatli joyda yashaydi. O‘nlab xizmatkorlar uning har bir istagini og‘zidan chiqar-chiqmas ado etishadi. Yotadigan bo‘lsa maxsus to‘shakchilar, unga gul atri sepilgan pushtirang ipak choyshablar yoyib, yumshoq parqu to‘shak solib berishadi. Ertalab turgan zahoti boshqa xizmatkorlar uning qo‘liga suv quyib yuvintirishadi, parcha va zarbof kiyimlarni kiydirishadi. Ayvonda ham, bog‘ yo‘lkalarida ham uni novcha, baquvvat soqchi yigitlar suiqasdlardan qo‘riqlab yurishadi. Ovqat yemoqchi bo‘lsa saroy bakovuli, bovurchisi, chashnagiri va oshpazlari istagan taomini muhayyo qilishadi. Ilgari Nizom umrida bir marta tatib ko‘rishga havasmand bo‘lgan kiyik kaboblar, bedana do‘lmalar, kaklik palovlar hozir istagan paytida tayyor bo‘ladi. Hamma xohishlari osongina amalga oshgani sari istakning o‘zi kamayib boradi. Ovqatdan ko‘zi to‘yib qolgani uchun¬mi, uning ilgarigi ishtahalari endi yo‘q, ko‘proq achchiq qalampirli narsalarni yeydi.
Nizomning ko‘ngli tilagan hamma narsani muhayyo qilish haqida Mirzo Humoyun saroy ahliga qat’iy buyruq bergan. Lekin Nizom o‘z ko‘nglidagi eng kuchli istakni hech kimga aytolmaydi. Hamida bonu Hindol mirzoning buyrug‘i bilan Alvarga olib ketilganini kelgan kuni kechasi onasidan eshitgandan beri qanday qilib qizni Agraga qaytarish haqida o‘ylaydi-yu, o‘yining oxiriga yetolmaydi. Inisi Hindol mirzoni faqat Humoyun chaqirib olishi mumkin. Biroq Nizom hamida bonuning diydoriga mushtoq ekanini unga qanday aytadi? Nizom hali Hamida bonu bilan ahd-u paymon qilmagan bo‘lsa, qizning unga qanchalik mayli borligini aniq bilmasa... Hozir Nizom izzat-ikromda yurgan paytida Hamida bonuni bir ko‘rsa edi, dilini unga dadil ochgan bo‘lardi, qizning rizoligini olib, keyin oraga odam qo‘yardi. Ana o‘shanda Humoyunga ham tortinmay dil yorgan bo‘lardi.
Nizomni yonidan qo‘ymay, unga podsholik udumlarini o‘rgatib yurgan Humoyun bu yigitning goho o‘ychan va parishon bo‘lib qolishini sezdi.
— Biron qizga oshiqmisiz? — deb hazil ham qildi.— Ayting, sovchi yuboraylik.
Nizom siri ochilishidan xavotirlanib entikdi. Birdan tavakkal qilib:
— Qizni Alvarga olib ketibdilar, — dedi. — Otasi Hindol mirzoning xizmatida edi.
— Otasi kim?
— Hamida bonuni Xonzoda begim Humoyunga munosib ko‘rgan paytlari Nizomning esiga tushdi. U iztirob ichida:
— Hazratim, ijozat bering, — dedi. — Men qizni... ko‘rib, rizoligini olmaguncha... kimligini aytmay turay.
Humoyun Nizomdagi bu holatni odob va kamtarlik nishonasi deb bildi-yu:
— Ixtiyoringiz, — dedi. — Ammo inimiz Hindol meni ham dog‘da qoldirdi. Agrada biz yo‘q paytda ko‘p ishlarni chalkashtirib ketibdir. Kalavaning uchinchi topishda o‘zi yordam bermog‘i kerak. Bugun ertalab Hindolning onasi Dildor og‘achani Alvarga maxsus odamlar bilan jo‘natdim. «Kelsin, gunohidan kechgaymen», dedim. Bir haftada ichida Hindol barcha odamlari bilan Agraga qaytib kelmog‘i kerak.
Nizom quvonch va hayajon ichida o‘rnidan turib Humoyunga ta’zim bilan minnatdorchilik bildirdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:35:44
Nizom har ishda Humoyunning ko‘ngliga qarab o‘rgangan edi. Biroq Humoyun uni yaqin kunlarda taxtga chiqarish harakatiga tushganda Nizom avval hayiqdi. Nahangday kattadahan bek-u a’yonlarni idora etish osonmi? Ammo Humoyun doim uning yonida bo‘lmoqchi, hamma ishni bamaslahat amalga oshirmoqchi edi. U Nizomni qo‘yarda-qo‘ymay axiyri taxtga chiqishga ko‘ndirdi.
Dushanba kuni Nizomga Zuhra yulduzining rangiga mos havorang va yashil tuslardagi shohona liboslar kiydirildi. Dastorpech uning boshiga katta gavhar qadalgan podsholik sallasini qo‘ndirayotganda Humoyun Nizomga ovozini pasaytirib dedi:
— Bu gavhar bir vaqtlar rahmatli otam Bobur hazratlarining sallalarida porlab turgan edi. Hazrat Nizomiddin, sizga endi o‘shal ulug‘ siymoning ruhlari madad bersin!
Nizom o‘zinig «hazrat Nizomiddin» ekaniga ishongisi kelmay atrofiga bir qarab oldi. Shu daqi¬qalardan boshlab u go‘yo ikki odamga aylandi. Biri hamma egilib ta’zim qiladigan hazrat Nizomiddin-u, ikkinchisi uning soyasiday goh esga tushib, goh unutilib turgan avvalgi Nizom suvchi.
Devonimga barcha amirlar, viloyat hokimlari, hamma arkoni davlat to‘plandi. Holisa*  yerlardan olingan daromadlar, jogirlardan tushgan, shahar-u qishloq¬lardan soliqchilar yiqqan kurur-kurur tangalar taxt qarshisidagi keng sahnga — tanobiy gilamlar ustiga xirmon kabi uyildi. Umrida oltin-u kumush pullar¬ning bunday katta uyumini ko‘rmagan ba’zi odamlar¬ning ko‘zlari qamashib ketdi.
Hazrat Nizomiddin taxtga chiqib o‘ltirgach, Humoyun oltin va kumush uyumlari oldiga keldi-da, shu yerdan turib yangi podshoga ta’zim qildi:
— Hazratim, biz safarda ekanimizda sodiq odamlarimiz butun viloyatlardan yig‘ib tayyorlab qo‘ygan mana shu bir yillik davlat daromadlarini sizga topshirishga ijozat bergaysiz!
Viloyatlardan har yili yig‘iladigan davlat daromadlari qanchalik ko‘p bo‘lishini Nizom endi ko‘rmoqda edi. Jimir-jimir yiltirab turgan tangalarning har biri dehqon-u kosiblardan qancha zo‘ravonliklar bilan oliq-soliq tarzida undirib olinganikin? Eshkakchi Nizom bu tangalar yiltirashida jabrdiyda bechoralar¬ning ko‘z yoshlarini ko‘rganday bo‘ldi. Ammo hazrat Nizomiddin besh-olti tuyaga yuk bo‘ladigan shuncha oltin va kumushning o‘z ixtiyoriga o‘tganidan mag‘rur.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:35:56
Uning chindan ham podsho bo‘lganiga bek-u a’yon¬larni Humoyunning ta’zimidan ham ortiq ishontirayotgan narsa — gilam ustidagi oltin-u kumush uyumlari edi. Ko‘zni yondiradigan bunchalik ko‘p boylik birvarakayiga Nizomiddin hazratlarining ixtiyoriga o‘tganligi bek-u a’yonlarga yashin tezligida ta’sir qildi. Zari borning zo‘ri bor, deb bejiz aytmaganlar. Boya kinoya bilan qiyshaygan lablar endi darhol to‘g‘rilandi, ko‘zlarda jiddiy e’tibor, qiziqish, hatto hayiqish paydo bo‘ldi.
Taxtga yastanib chordana qurib olgan hazrat Nizomiddin o‘zini podsho deb tan olgan o‘nlab ko‘zlarning hayiqishidan g‘ururi ortib, viqor tuyg‘usidan yuragi hapriqa boshladi. Shunda avvalgi Nizom uning qulog‘iga sekin shipshiganday bo‘ldi: «O‘zingizni bosing, hazrat. Mirzo Humoyun sizga tayinlagan mushkul ishlarni unutmang. Bu beklarning har biri yalang‘ochlangan qilichga o‘xshab turibdir. Xato qilsangiz boshingizni kesgay!» Hazrat Nizomiddin buni quruq vahima deb o‘ylaydi: «Endi men shu oltin xirmonining kuchi bilan eng zo‘ravon beklarni ham o‘z izmimga bo‘ysundirgaymen!» deydi. Nizom uni ogohlantiradi: «Muncha katta ketmang, boylik — qo‘lning kiri, xolos. Axir bu oltin xirmoni dehqon-u kosiblarning nasibasidan uzib olib yasalgan-ku. Zolim soliqchilar bu tangalarni undirib kelguncha qanchadan qancha zulm o‘tkazgan. Faqir eshkakchi bo‘lgan paytingizda o‘zingiz ham qanday adolatsizliklarni boshdan kechirganingizni eslang!».
Bu ichki ovozdan hazrat Nizomiddin xiyol hush¬yor tortdi-da, qo‘l qovushtirib buyruq kutayotgan Turdibekka yuzlandi.
— Janob vazir! — yangi podshoning ovozi hayajondan titrab eshitildi. — Ganga bo‘yida Chausada halok bo‘lgan bek-u navkarlarning yetim-u yesirlari bizdan ko‘mak kutmoqdalar. Mana shu yerga uyulgan tangalardan... — hazrat Nizomiddin Humoyun bilan oldindan kelishib olgan farmoyishlarni, ayniqsa, raqamlarni bexato aytish uchun bir lahza to‘xtab oldi. Har qalay, xotirasining o‘tkirligi ish berdi. Raqamni aniq esladi: — Shu pullardan bir yuz-u yigirma ming rupiysi halok bo‘lganlarning yetim-u yesirlariga ro‘yxat bo‘yicha rasamadi bilan ulashilsin!
— Bosh ustiga, hazratim!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:36:10
Xazinachi va sarmunshi podshoning og‘zidan chiqayotgan har bir farmoyish va raqamni maxsus daftarga yozib olmoqda edi.
ba’zi bek-u a’yonlar «bu oltin xirmonidan bizga ham kapsan tegsa kerak!» degan umid bilan ko‘zlarini lo‘q qilib turishibdi. Odat bo‘yicha, ular yangi taxtga chiqqan podshodan in’omlar olib o‘rganishgan.
— Janob xazinachi! — dedi hazrat Nizomiddin. — Katta barkashlardan birini oltinga, yana birini kumushga to‘latdirib, mana shu davra bo‘ylab aylantiring. Har bir bek-u mulozim o‘ng kaftiga siqqanicha oltin-u, chap kaftiga siqqanicha kumush olsin!
Bir vaqtlar eshkakchi Nizomni nazar-pisand qilmay oyog‘i bilan ko‘rsatib yurgan bek-u a’yonlar endi u in’om qilgan barkashdagi tangalarga hirs bilan changal solishdi. So‘ng yangi podshoning in’omidan mamnun bo‘lib, unga astoydil egilib ta’zim qilishdi.
Hazrat Nizomiddin podsholik zavqidan yayraydi. «Qani endi hozir yonimda Humoyun emas, Hamida bonu yurgan bo‘lsa!» degan istak qayta-qayta ko‘nglidan o‘tadi. Nizomning hazratga aylangan paytdagi obro‘-e’tibori-yu boyliklarini ko‘rgan Hamida undan iftixor qilishi mumkin emasmidi? Sevgan qizing sendan iftixor qilganini ko‘rsang, eng katta baxt shu bo‘lmasmi?
Biroq, Nizom hozir bu baxtdan mahrum. U Hindol mirzoning odamlari yana bir hafta-o‘n kunda Agraga qaytishini sabr-toqat bilan kutishi kerak. Ammo hazrat Nizomiddin sabrsizroq. U bugun taxtga chiqqandan beri o‘zini hamma ishga qodir sezadi, qo‘lini qayoqqa cho‘zsa yetadiganday tuyuladi. In’om va ehsonlardan ortib qolgan oltin-u kumushlar yana bir aravaga yuk bo‘ladigan darajada ko‘p. Shuncha boylikka ega bo‘lgan odam nahotki Hamida bonuning diydoriga yetisholmay o‘rtanib yursa? Dildor og‘acha oltmishlarga kirgan ayol, tez yo‘l yurolmaydi, Alvarga yetib borguncha qancha vaqt o‘tadi! Hindol mirzo yana kuch yig‘ishtirib qaytib kelguncha... e-he, kim bor-u kim yo‘q!
Undan ko‘ra Nizom o‘zi Alvarga jo‘nagani yaxshi emasmi? Ammo hozir u — podsho, bir yoqqa boradigan bo‘lsa navkar-u qo‘shin bilan jo‘nashi kerak. Hamida bonuni ko‘rish uchun qo‘shin tortib dag‘dag‘a qilib borsa, Hindol mirzo bilan urush qiladimi? Buni o‘ylashning o‘zi kulgili.
Nizom honayi xosda yolg‘iz o‘ltirib uzoq xayol surdi-yu, oxiri Hamida bonuga maktub yoza bosh¬ladi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:36:25
«Osmonimning tanho oftobi Hamida bonu!
Ilgarigi Nizom bo‘lsam, sizga bunday maktub yozolmas edim. Siz shu vaqtgacha mening ilkim yetmaydigan yuksaklikda yurar edingiz. Hozir taqdir meni ham oliy bir yuksaklikka ko‘tardi. Balki eshitgandirsiz, Mirzo Humoyun meni o‘zlarining taxtlariga munosib ko‘rdilar... Qani edi, Jamna bo‘yidagi o‘sha sohilda, Zarafshon bog‘ining chetida yana uchrashsak. Shu vaqtgacha aytishga jur’at etolmagan muhabbatimni oshkor qilsam. Agar yulduzimiz bir-biriga to‘g‘ri kelsa-yu, siz rozi bo‘lsangiz, keyin to‘y tayyorligini boshlasak. Mirzo Humoyun bu ishda ham tantilik bilan ko‘mak berishlariga ishonchim komil.
Sizni sog‘ingan Nizom».
Hazrat Nizomiddinning nomiga maxsus shohona muhr ham o‘yilgan edi. Nizom hali Hamida bonu bilan biror marta maktub yozishgan emas, ular bir-birlarining dastxatlarini bilmaydi. Bu xatni Nizom o‘zi yozganiga qiz shubha qilmasligi uchun u imzosi yoniga podsholik muhrini ham bosdi.
Endi bu xatni Alvarga kim yetkazadi? Hazrat Nizomiddin xazinachini chaqirtirib, ikki hamyon to‘la oltin tayyorlatdi. Bu pulga uddaburon choparlardan yollashi mumkin. Lekin Hamida bonuga taalluqli sirni har kimga aytib bo‘lmaydi. Juda ishonchli odam bo‘lishi kerak. Nizom uchun saroydagi eng ishonchli odam Humoyun edi. «Hazrat, siz Mirzo Humoyunga maslahat soling», dedi Nizom. Ammo hazrat Nizomiddin hamma narsani Humoyunga aytib yurmasdan, ba’zi bir nozik niyatlarini o‘zi amalga oshirishi kerak emasmi? Bironta muammoni o‘zi mustaqil yechsa nima bo‘lipti? Qancha uddaburon beklar, navkarlar bor. Podshoning maxfiy topshiriqlarini bajaruvchi mushriflar undan buyruq kutib yuribdi. Humoyun Afzalbek degan devqomat bir mushrifni ko‘p ta’riflagan, «osmondan yulduzni olib kel, desangiz keltirgay, ammo tegirmondan butun chiqur» degan edi. Hozir shu hazrat Nizomiddinning esiga tushdi. Bu yigit minglab navkarlar cho‘kib o‘lgan Karamnasadan sog‘-salomat suzib o‘tgan. Keyin Agraga kelgunlaricha Humoyunga va uning yonida yurgan Nizomga ko‘p xizmatlar qilgan.
Hazrat Nizomiddin xufton payti xonayi xosga Afzalbekni chaqirtirdi. Ikki bukilib ta’zim qilgan novcha, serpay mushrif yangi podshoning sinovchan nazaridan xavotirga tushib:
— Hazratim, buyuring, sodiq qulingizmen! — dedi.
— Alvarga... Necha kunda borib kelmog‘ingiz mumkin?
— Agar yomxonalar chopqir otlardan bersalar, uch kunda, hazratim!
Hazrat Nizomiddin maqsadga o‘tishdan oldin bir oz ikkilandi. Ketida soyadek turgan Nizom «Ehtiyot bo‘ling, sinamagan kishingizga sir bermang!» deb shivirladi. Ammo hazrat unga quloq solmadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:36:40
— Men sizga buyurmoqchi bo‘lgan ishni, — deb Afzalbekka qat’iy tikilib gap boshladi: — Ikkimizdan boshqa hech kim bilmasligi shart!
— Hazratim, buyuring, to o‘lgunimcha sir saqlagaymen!
Hazrat Nizomiddin oltin to‘la hamyonni unga uzatdi.
— Yomxonalardan ot yollashga qancha pul ketsa tortinmay sarflang, — dedi. — Boshqa xarajatlarga ham yetgulik oltin olursiz.
Afzalbek hamyonni ta’zim bilan oldi-yu, tabarruk qilib ko‘ziga surdi va tez qo‘yniga soldi. Shundan so‘ng hazrat Nizomiddin Hamida bonuga yozilgan maktubini unga berdi. Qiz Hindol mirzoning dargohida turishini, Aminat degan kanizi borligini aytdi.
— Uqdim, xotirjam bo‘ling, hazrat. Men bu maktubning javobini olib kelmog‘im kerakdur. Shun¬doqmi?
— Agar javob o‘rniga... qiz o‘zi kelmoqchi bo‘lsa, soyabon aravada kanizi bilan yetkazib kela olurmisiz?
— Hindol mirzoning dargohidan qiz... o‘g‘irlash juda xatarli.
«Qiz o‘g‘irlash» degan so‘zlar hazrat Nizomiddinni sergaklantirdi.
Mirzolarning oriyati yomon, baloga qolishi mum¬kin. U Afzalbekka soddadillik bilan izoh berdi:
— Men u qizga uylanmoqchimen, boshqa yomon niyatim yo‘q!
Afzalbek shu payt podsho o‘rnida avvalgi sodda eshkakchi Nizomni ko‘rganday bo‘ldi-yu, miyig‘ida kulimsirab bosh irg‘adi:
— Hamma ish ko‘nglingizdagidek ado etilg‘ay!
— Agar shu nozik ishlarni bajo keltirib qaytsangiz, bizning eng ishongan odamimizga aylanursiz!
Afzalbek yangi podshoning katta ishonchidan ruhlanib, unga yana egilib ta’zim qildi-yu, orqasi bilan yurib chiqib ketdi. Ammo shu yomg‘ir faslida loylarga botib besh kunlik yo‘lni uch kunda bosib o‘tish azobini o‘ylaganda Afzalbekni g‘am bosdi. U ham asli bechora bir kosibning o‘g‘li, saroyga katta martabalar orzusida ishga kirgan, lekin olti yildan beri o‘zi istagan darajadagi nufuzli bek bo‘la olgani yo‘q. Nizom esa bir necha kun ichida oddiy eshkakchidan hukmfarmo shohga aylandi. Afzalbekning mavqeyi  yaqindagina yalangoyoq yurgan Nizomnikidan baland edi. U maxsus ishlar mushrifi sifatida podsho kemasida Nizomga ish buyursa, Nizom ta’zim bilan baja¬rish¬ga majbur edi. Mana endi Nizom osmonda. Af¬zalbek hali ham allaqanaqa pasqamlikda yuribdi-yu, Nizom uning tepasiga chiqib olib ish buyuryapti. Turib-turib, Afzalbekka mana shu juda alam qildi. Agar u Nizomning   taxtda uzoq o‘ltirishiga ishonsa ehtimol, bu alamlarga qaramay, uning buyrug‘ini bajarardi va katta mukofotlar olish imkonini qo‘ldan boy bermagan bo‘lardi. Lekin saroy va uning atrofida yurgan mish-mish gaplarga qaraganda, Nizomning taxtda o‘ltirishi juda muvaqqat. Uni tezroq yo‘qotish harakatida yurgan zamona zo‘rlari ko‘p. Humo¬yunning o‘zi ham taxtini boshqa odam egallaganidan bezovta bo‘lib yuribdi. Afzalbek Alvarga borib kelguncha bu saqqoning kavushini to‘g‘rilab qo‘yishlari hech gap emas.*
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:36:54
Undan ko‘ra Afzalbek ana shu zamona zo‘rlaridan biri bo‘lgan piri a’zam Said Xalilning duosini olgani yaxshi emasmi? Axir u Said Xalilga qo‘l berib murid bo‘lgan, Humoyun saroyida ko‘rgan-bilganlarini unga maxfiy ravishda yetkazib turishga so‘z bergan.
Afzalbek xufton namozidan keyin Said Xalilning shahar chetidagi chorbog‘iga bordi va hazrat Nizomiddindan qanday nozik topshiriq olganini unga bir-bir so‘zlab berdi.
— Borakallo, Afzalbek, borakallo! — deb Said Xalil undan Nizomning Hamida bonuga yozgan maktubini so‘rab oldi, ko‘zoynagini taqib, maktubni chiroq yorug‘iga solib o‘qir ekan: — Ho‘, muhabba¬ting boshingni yesin, haromi! — deb Nizomni qarg‘ab qo‘ydi. — Nomahram yigit bilan sohillarda uchrashib yurgan bu qaysi behayo qiz ekan?
— Mirbobo Do‘st deganning qizi.
— E, o‘sha Hindolga dars bergan mahmadona faqih! Vaqti kelsa uning ham adabini bergaymiz. Bu yalangoyoq saqqoning taxtga chiqqani avom xalqni juda qo‘zg‘atib qo‘ydi. Ko‘cha-ko‘yda yuz xil gap. Endi go‘yo kambag‘allar davron suradigan payt kelganmish. Zolim bek-u amirlar hokimiyatdan chetlatilarmish. Saqqoning dahriy otasini zindonga tashlatganim uchun meni ham shayxulislom lavozimidan bo‘shatisharmish. Ammo Nizom degan yalangoyoq endi tumshug‘idan ilinadigan payt kelibdir. Bora¬kallo!.. Alvarga necha kunda borib kelurmen, deb so‘z berdingiz?
— Uch kunda.
— Demak, uch kundan so‘ng... bu saqqoni qopqonga qanday ilintirishni o‘ylab olmog‘imiz kerak.

___________
* Holisa — podshoning xos yeri.
* Humoyun Nizom suvchini taxtga chiqargani ko‘pchilik tarixiy manbalarda, jumladan, Abulfazlning «Akbarnoma»sida, Javhariyning «Humoyunnoma»sida, Gulbadan begimning esdaliklarida qayd etilgan. Ammo uning qancha vaqt taxtda o‘ltirgani turli manbalarda har xil ko‘rsatilgan. Gulbadan begim Nizomni ikki kun podsho bo‘lgan desa, ba’zi hind olimlari uni bir yarim oy taxtda o‘ltirgan, deb yozadilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:37:08
*  *  *

Ertalabdan tuya minib ko‘chalarga chiqqan jarchilar yangi podsho Nizomiddin hazratlarining el-yurtga osh berishi va ochlarga non ulashishi haqidagi xabarni butun shaharga tarqatdilar. Qator aravalar qop-qop unlarni novvoyxonalarga tashib berdilar. Katta doshqozonlarda palov pishguncha xushbo‘y issiq nonlar ham tandirlardan uzildi. Yangi podsho nomidan bu ishga mutasaddi qilib tayinlagan odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kelgan minglab kishilarga osh tortdilar, savat-savat issiq nonlarni miskin-u bechoralarga ulashdilar.
Ko‘pchilikning og‘zida to‘satdan taxtga chiqqan hind yigiti Nizomning nomi. Ming-ming odamlar bu hodisaning tafsilotini va Nizomning qanaqaligini bilgisi keladi. Uni umrida bir marta ko‘rgan yoki u bilan biror og‘iz gapirishgan kishi ham darrov odamlarning e’tiborini tortadi. Ayniqsa, hunarmand kosiblar, suvchilar, o‘z mehnati bilan kun ko‘radigan turli kasb egalari Nizomning kechagina oddiy eshkakchi bo‘lganini surishtirib bilganlari sari ko‘ngillari ko‘tariladi. Osh yeb tarqashayotganlarida:
— Ilohim, taxtda ko‘proq o‘ltirsin-u bizga o‘xshagan zahmatkashlarning joniga ora kirsin! — deb astoydil duo qilishadi.
Tush payti Hasht Bihisht bog‘idan otlanib chiqqan hazrat Nizomiddin Mirzo Humoyun va ikki yuz kishilik mavqab-u qo‘riqchilar markaziy xiyobondan o‘tib, qozixona va hibsxona tomon yo‘l oldilar. Odatdagiday, podshodan oldinda qo‘sh naqora chalinib, xos navkarlar yo‘l ochib borar edilar. Odamlar g‘ujg‘on bo‘lib, bir-birini surib, itarib, oq otda o‘tib borayotgan yangi podshoga ko‘z tikdilar. Daryolarda suzib o‘rgangan Nizom otda kam yurgan, shuning uchun egar unga noqulay tuyular, ot kattaroq qadam olganda yelkasi va boshi silkinib qo‘yardi. U hali boshqa chavandozlarga o‘xshab egarga mixlanganday mahkam o‘ltirishga odatlanmagan, buni ko‘rgan ba’zi bek-u navkarlar o‘zaro ko‘z urishtirib, zimdan lab burishardi.
Lekin yo‘l chetlariga tizilib turgan xaloyiq, Nizomga hayrat aralash zavq bilan tikiladi. Navkar¬likka odam yollaydigan tavochilar paytdan foydalanib targ‘ibot yurgizadilar. Sharqda Sherxon Agrani bosib olishga tayyorgarlik ko‘rayotganini, yangi podshoga botir himoyachilar kerakligini aytadilar. Ilgari askariy xizmatdan o‘zini chetga oladigan yigitlar ham endi ko‘chadan o‘tib borayotgan Nizom bilan Humo¬yunning bir-biriga qilgan yaxshiliklarini eshitganlari sari ularga yaqin bo‘lgilari va Agrani birga himoya qilgilari keladi. Shu sababli tavochilarning navkarlikka odam yollashi avvalgiga nisbatan ancha yengil bo‘lib boradi.
Nizom bilan Humoyunning zindonlar va hibsxo¬nalardagi odamlardan xabar olishga borayotganlari adliya amaldorlarini bezovta qiladi. Ammo hazrat Nizomiddin otalari yotgan zindonlarni ko‘rishga xohish bildirgandan keyin hech kim uning so‘zini qaytara olmadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:37:21
Tosh devorli baland qo‘rg‘on hovlisida yomg‘ir ko‘lmaklari sovuq yiltiraydi. Zindonlar hovli o‘rtasidagi tepalikning yonbag‘irlaridan qazilgan. Agar zindonlar tekis yerdan qazilsa devorlariga tosh-u g‘isht qalangani bilan yomg‘ir faslida suvga to‘lib qolar va odam yashashi mumkin bo‘lmas edi. Shuning uchun ularning o‘rasi suv to‘planmaydigan tepalik yonbag‘riga o‘yib ishlangan, mahbuslarga har zamonda non-u suv berib turiladigan temir panjaralar ham tepaga qarab ochiladi. Uning ustidagi shiyponcha tomi yog‘in-sochin tushmaydigan qilib yopib qo‘yiladi. Lekin tepalikning pastida faqat zindonbonlar kiradigan va juda kam ochiladigan mustahkam temir eshik ham bor. Beliga qilichdan tashqari qator kalitlar osib olgan zindonbegi podshoning buyrug‘i bilan ana shu temir eshikni ochdi. Devorlariga g‘isht qalangan nimqorong‘i yo‘lak ko‘rindi. Davtiy deb ataladigan chirog‘bon kiruvchilarning yo‘lini yoritdi.
Nizom, Humoyun, Turdibek va Xo‘ja Husayn ichkariga qadam qo‘ydilar. Podshoning taklifiga binoan mavkab bilan birga kelgan Said Xalil tisarilib hovlida qolmoqchi edi, Nizom unga o‘girilib:
— Taqsir, siz kiring, — dedi. — O‘zingiz zindonga tashlatgan odamlardan bir xabar olaylik.
Rangi qo‘rquvdan oqargan Said Xalil:
— Hazratim, tobim yo‘qroq, — dedi.
— Taqsirni suyab olinglar, — deb hazrat Nizomiddin xos navkarlarga buyurdi.
Barvasta navkarlar Said Xalilni ikki tirsagidan ushlab oldilar. Yana bitta chirog‘bon davtiy paydo bo‘ldi va yo‘lakni yoritib oldinda bordi.
Yo‘lakning bir tomonida zindonlarga kiriladigan eshiklar ko‘rindi. Zindonbegi ularning qulfini ham ochdi. Eshik yo‘lakka qarab ochildi-yu, ichkaridan avval qo‘lansa hid chiqdi, keyin zanjirlarning shaqirlashi va odamlarning g‘ovuri eshitildi. Davtiy chi¬roqni eshikka yaqin tutdi. Nizom eshik ichkarisiga o‘rnatilgan baquvvat temir panjarani endi ko‘rdi.
Mahbuslardan uch-to‘rttasi panjara oldiga keldi. Ulardan biri Humoyunni tanib:
— Podsho-ku! — dedi. Qolganlar ham panjara tomonga yopirildi va hamma birdan unga arzini ayta boshladi. Zindonbegi:
— Jim! Tartib bilan so‘zlanglar! — deb shovqinni bosdi.
Nizom otasi bilan zindonda bir yil yotgan va unga qadrdon bo‘lib qolgan uchta odamning nomini yozib kelgan edi. Otasi unga: «Shu odamlar nohaq qamalgan, men bo‘lgan voqeani batafsil eshitganmen, gunohlari yo‘qligiga kafilmen!» — degan edi. Nizom sallasining qatidan o‘sha qog‘ozni oldi-da, unda yozilgan nomlardan birini aytib, hindchalab so‘radi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:37:38
— Sekrilik Muni Das bormi?
— Bor! Muni Das men bo‘lamen, sohib!
Oq oralagan o‘siq soqoli og‘zini bekitib turgan zanjirband mahbus temir panjarani changallab, Nizomga tomon intildi:
— Adolat qiling, sohib! Soliqchilar meni nohaq qamatgan. Oltita bolam bor. Olgan hosilimning uchdan birini davlatga berganmen!
Qo‘lida ochiq daftar bilan turgan qozikalon Muni Dasning nomi yozilgan varaqni chiroq yorug‘iga tutib o‘qidi:
— Xiroj bilan juzyani* to‘lamagan! Munsif* bilan urishib, uni haqorat qilgan, shuning uchun qamalgan.
— Munsif mendan juzya solig‘ini ikki qayta olmoq¬chi bo‘ldi! Bolalarim och qolmasin deb ikkin¬chi martasida to‘lamadim! Munsif meni kaltakladi, achchiq ustida men ham uni «zolimsen!» deganim rost.
— Shiqdor-u munsiflar orasida zolimlar ko‘p, sohib! — deb ichkaridan yana bir mahbus gap qotdi.— Bizdan olgan oliq-solig‘ining yarmini ham davlatga bermagay, ko‘pini o‘zi olib qolgay! Soliqchilar boyib ketgan!
— Sizning ismingiz nedur? — deb so‘radi Nizom bu gaplarni aytgan mahbusdan.
— Ismim Nazir. Ajmirlikmen, sohib! Men ham zolim soliqchilar tuhmati bilan zindonga tushganmen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:37:53
Nizom qo‘lidagi qog‘ozdan ajmirlik Nazirning nomini topdi-yu, Humoyunga yuzlandi:
— Amirzodam, bularning begunohligini menga otam aytgan. Qarang, biri hindi, ikkinchisi muslim, ammo zolim munsiflarga ikkovi ham birdek qarshi. Dinu millat ayirish adolatdan emas. Yaratganning oldida barcha bandalari barobardirlar. Shuning uchun biz juzya solig‘ini bekor qilishga haqlimiz. Ortiqcha oliq-soliqlar bilan aholini qiynab boy bo‘layotgan zolim shikdor-u munsiflarning o‘zlari zindonga tashlanmog‘i kerak. Bu borada maxsus taftish o‘tkazgaymiz! Hozir esa Muni Das bilan Nazir zindondan ozod etilsin, ro‘zg‘orlarini o‘nglab olishlari uchun har biriga yuz rupiydan nafaqa berilsin!
Zindonbon hazrat Nizomiddin qarshisida ta’zim qilib:
— Bosh ustiga, hazratim! — dedi-da, buyruqni bajara boshladi.
Muni Das bilan Nazir qo‘l-oyoqlaridagi zanjirlarini shaqirlatishib, bir-birlarini quchoqlab ketdilar. Keyin ko‘zlari quvonchdan yoshlanib, hazrat Ni¬zomiddinga minnatdorchilik bildirdilar. Nizom¬ning qo‘lidagi qog‘ozchaga nomi yozilgan yana bir kishi — agralik keksa to‘quvchi — ikki kun burun zindonda jon bergan ekan. Nizom buni eshitib:
— Xudo rahmat qilsin,— dedi-yu, narigi zindonga o‘tmoqchi bo‘ldi. Shunda o‘n-o‘n besh mahbus temir panjaraga yopishib, undan shafoat so‘ray boshladilar. Lekin bular o‘g‘irlik va poraxo‘rlik qilgan haqiqiy jinoyatchilar edi. Nizom ularning gapiga quloq solmay narigi eshikka qarab o‘tdi. Zindonbon bu eshikni ochayotganda navkarlarga suyanib turgan Said Xalil negadir qalt-qalt titray boshladi. Bu zindonda mahbus uncha ko‘p emas edi. Davtiylar temir panjaraga chiroq osib, ichkarini yoritganda ichkarida besh-oltita zanjirband odam ko‘rindi. Yarim yalan¬g‘och qoramtil-ko‘kish tanalar orasida soqol-mo‘ylovi oltinrang, oq yuzli bir mahbus Humoyunning e’tiborini tortdi.
— Bular — Sherxonga sotilganlar! — deb izoh berdi qozi. Oq tanli mahbus Humoyunni tanib, eshikka tomon talpindi:
— Hazrati oliylari, men Sherxonga emas, sizga tarafdor bo‘lganim uchun jazolandim!
Humoyun Moskoviyadan Xo‘ja Husayn bilan birga kelgan mehmonni tanidi, nomini eslolmasa ham, bultur, navro‘zda keltirgan qarchig‘ayini esladi. Xo‘ja Husayn esa uni ovozidan tanib hayajon ichida:
— Matvey! — dedi va temir panjara orqali qo‘l cho‘zdi: — Kalitin! Men sizni yurtingizga qaytib ketgansiz, deb eshitgan edim-ku!
— Ketmoqchi bo‘lib turganimda kechasi bor-budimni musodara qilib, o‘zimni zindonga tashladilar!
— Kim shunday qildi? — so‘radi Humoyun.
— Said Xalil janoblarining muridlari. Men ular¬ning Sherxon bilan aloqasi borligini sezib qolgan edim. Kutval Amir Bahlul qatl ettirilganda men uning tuhmatga uchraganini aytgan edim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:38:08
— Kimga aytdingiz? — so‘radi qozi.
— Portugaliyalik Alvaro Pakaviraga. U menga o‘zini yaqin olib yurardi, «siz ham yevropaliksiz, biz xristianlar, inoq bo‘lishimiz kerak», deb tilyog‘lamalik qilib yonimdan ketmas edi. Sherxonning xufiyasi masjidi jomening oldidagi do‘konda Said Xalil bilan shivirlashib gaplashganini bir kun mol olishga kirga¬nimda tasodifan eshitib qoldim. Ular Sherxonning kutvalga yozgan maktubini bir mulozimning cho‘n¬tagiga qanday solib qo‘yish haqida maslahat qilishdi. Men shu gapni soddalik qilib Pakaviraga aytib beribmen. Keyin bilsam, bu farangi ham Said Xalil bilan til biriktirgan ekan. Oxiri sirlari fosh bo‘lishidan qo‘rqib, meni hech kimdan beso‘roq zindonga tashlattirishdi.
Nizom Said Xalilga o‘girilib qaradi. Said Xalil titrog‘ini bosishga tirishib, xirillab gapirdi:
— Bu kofirni men emas, Hindol mirzo zindonga tashlattirgan!
Turdibek Humoyunga izoh berdi:
— Bu mehmon zindonda yotganidan biz mutlaqo bexabarmiz. Kalitin degan nom qamalganlar ro‘yxatida yo‘q.
— Buni Said Xalilning odamlari ataylab sir tutgan, — dedi Humoyun.
Hazrat Nizomiddin zindonbonga buyurdi:
— Begunoh mehmonni darhol zindondan bo‘shating. Janob Turdibek, mehmonning musodara qilingan narsalarini shu bugunoq topdirib bering. Topilmaganlarining tovonini Said Xalilning mol-u mulki hisobidan to‘lattiring!
— Mendan emas, kuchingiz yetsa Hindol mirzodan undiring! — deb e’tiroz qildi Said Xalil.
Humoyun unga g‘azab bilan tikildi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:38:23
— Siz Hindolni razillarcha adashtirgansiz! Sizning Sherxonga sotilgan ikkita muridingiz hozir saroydagi hibsxonada so‘roq qilinmoqda. Ular iskanjaga olingandan keyin sizning barcha ablahona ishlaringizni bir-bir aytib berdi. Bu begunoh mehmonning zindonda yotganini ham biz o‘sha muridlaringizdan bildik. Sherxonning qalbaki xati bilan Hindolni aldab Amir Bahlulni o‘ldirtirgan qotil ham siz ekansiz!
Yo‘lakda turgan odamlar orasida hayrat va g‘azab tovushlari eshitildi. Said Xalil tirsagidan tutgan navkarlar qo‘lidan bo‘shashga intildi.
— Bu bo‘hton... meni... meni o‘shalar bilan yuzlashtirsinlar...
Hazrat Nizomiddin unga zindonda turgan Matveyni ko‘rsatdi.
— Mana, siz nohaq zindonga tashlatgan begunoh odamlardan biri yuzma-yuz turibdir. Ilkingizdagi marvarid tasbehni farangistonlik xufiya poraga berganini hibsxonadagi muridlaringiz bizga aytdi. Qani sizda imon? Qani Allohga e’tiqod? Din-u imonni oltinga sotib yeydigan sizdek ochko‘z odam qanday qilib shayxulislom bo‘la olgay? Amir Bahlulning qoni tutsin sizni! Zindonga tashlang buni!
— Haqqingiz yo‘q! — deb qichqirdi Said Xalil. — Diniy lavozimdagi shayxulislomni podsholar ham hibs etolmagay!
— Siz ulamolar majlisining fatvosi bilan diniy lavozimdan bo‘shatilgansiz, — dedi hazrat Nizo¬middin. — Bugundan boshlab shayxulislomlik vazifasini Xo‘ja Husayn janoblari ado eturlar. Taqsir, fatvoni ko‘rsating!
Xo‘ja Husayn qo‘ynidan ulamolar majlisining fatvosini olib o‘qib berdi. Qur’on suralari bilan boshlanadigan fatvoda Said Xalilning nafsga berilganligi, oltin-u javohirot ketidan quvib, din-u imonga qarshi jinoyatlar qilganligi, shu sababli o‘z vazifasidan ozod etilganligi, endi unga boshqa gunohkor bandalar qatori jazo berish podsho hazratlarining ixtiyorida ekanligi aytilgan edi.
— Nechun bu fatvo menga oldin ma’lum qilinmadi? — deb shovqin soldi Said Xalil. — Agar mendan gunoh o‘tgan bo‘lsa, imonimni poklash uchun hajga borurmen! Qo‘yvoring meni!
U navkarlar qo‘lidan chiqib ketmoqchi bo‘lib yulqina boshladi. Hazrat Nizomiddin navkarlarga buyurdi:
— Bu odamni mahkam tuting. Haj bahonasi bilan Sherxon huzuriga qochib ketmasin. Qancha begunoh odamlarni zanjirband etgan Said Xalil endi o‘zi ham zindon zanjirining qandoq bo‘lishini bilsin. Oling, poyiga zanjir uring!
Zindonbon temir panjarani ochib ichkariga kirdida, Matvey Kalitinning qo‘l-oyog‘idagi zanjirning qulfiga kalit soldi. Undan yechib olingan zanjir Said Xalilning oyoq-qo‘liga kiydirilayotganda hazrat Nizomiddin bilan mirzo Humoyun zindon yo‘lagidan hovliga qaytib chiqdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:38:38
Ular bu ishni oldindan maslahatlashib qilishgan, Nizom otasining qasdi uchun ham bu noinsof jino¬yatchini jazolashga jazm qilgan edi. Bugun ikkovi hamjihat va yakdil ish qilganlaridan Humoyun mamnun. Ammo zindonning dahshatli manzaralaridan Nizomning dilida qolgan og‘ir asorat kechgacha ko‘nglini xira qilib yurdi. Oqshomgi taom   paytida Humoyun undagi o‘zgarishni sezib:
— Nechun xomush ko‘rinursiz? — dedi.
— Amirzodam, men hali kimlarnidir o‘lim jazosiga ham buyurmog‘im kerakdir? Ko‘nglim bo‘shroq ekan... Bugungi zindonlar azobi... ig‘volar... tuhmatlar... odam o‘ldirishlar... Loyqa bir sel meni o‘z holimga qo‘ymay oqizib ketgandek... Hayronmen... Besabab xavotirga tushmoqdamen.
Humoyun og‘ir tin olib:
— Bu og‘ir xavotirliklar menga ko‘pdan tanish, — dedi. — Hokimiyatni boshqarish — xatarli sellar orasida suzishdek mushkul. Lekin bunga ham odatlanmoq mumkin... Ertaga siz devoni xosda hunarpeshalarni qabul qilmog‘ingiz kerak. Dehlida biz boshlagan qasrlar qurilishi to‘xtab qoldi. Ularni davom ettirishga imkon yo‘q. Me’mor-u muhandislar ishsiz qolmishlar. Ularga Agrada biron ish topib bermog‘imiz kerak...
— Jamna ustiga yangi ko‘prik qurdirsak-chi? Eski ko‘prik juda tor, bozor kunlari piyodalar, ot-aravalar sig‘ishmay, ba’zilari daryoga ag‘anab ketadilar.
— Siz hukmfarmosiz, hazratim, — dedi Humoyun. — Xazina o‘z ixtiyoringizda. Lozim topsangiz, ertaga hunarpeshalarga ko‘prik qurishni buyuring.
Podsholik hazrat Nizomiddinga yana eng yoqimli tomonini ko‘rsatganday bo‘ldi-yu, uning ko‘nglidagi xiralik tarqab ketdi. Ruhini yana bir oz ko‘tarish uchun, «yangi kemalar ham qurdirgaymen», dedi ichida. Jamnada suzadigan bu kemalarga Nizomning o‘zi bosh jolabon* bo‘ladi. Ungacha ko‘prik ham bitsa, mushkullari oson bo‘lgan odamlar, «buni Nizom hazratlari qurdirgan, otasiga rahmat» deyishlari turgan gap...

_____________
* Xiroj bilan juzya — g‘ayridinlardan olinadigan qo‘shimcha soliqlar.
* Munsif — soliq yozadigan amaldor.
* Jolabon — daryo kemalarining sardori.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:38:52
* * *

Nizomning bu shirin xayollarini xonayi xosga sekin kirib kelgan Afzalbek buzdi. Hazrat Nizo¬middin podsholik tashvishlariga berilib Hamida bonuni xayolidan uzoqlashtirgan bo‘lsa ham, lekin Nizom Afzalbekning qachon qaytishini sabrsizlik bilan kutmoqda edi. Shuning uchun Afzalbek ko‘ringan zahoti u sakrab o‘rnidan turdi.
Mushrifning ko‘rinishi horg‘in, etigining qo‘njlariga loy sachragan, otini ayamay haydagani bilinib turibdi. Ammo yuzida mamnun bir jilmayish bor.
— Hazratim! — deb Nizom qarshisida tiz cho‘kkan mushrif qo‘yniga qo‘l soldi.
— O‘zini ko‘rdingizmi? — sabrsizlanib so‘radi Nizom.
— Ha, keldilar!
— Hamida-ya? Qayerga tushdi?
— Zarafshon bog‘iga. Mana maktublari.
Nizom o‘ram qilingan va so‘rg‘ichlangan zarhal qog‘ozni ochayotganda dimog‘iga xushbo‘y gul atri urildi. Bu unga Hamida bonuning hididek tuyuldi-yu, vujudini zavq va shodlikka to‘ldirdi. Qisqagina maktubga nazar tashlar ekan, Hamida bonuning chiroyli dastxati borligini endi ko‘rdi.
«Ikki olamda men uchun yagona bo‘lgan qalbim hukmdori podshoh Nizomiddin hazratlariga!» — deb boshlangan edi maktub. Nizom ichida «hazrat demasa ham bo‘lar edi-ku», deb qo‘ydi. «Qalbim hukmdori» degani o‘zi yetarli. Lekin eng muhimi, Hamida bonu Zarafshon bog‘iga kelib tushgan, bugun oqshom uni bog‘ chetidagi o‘sha sohilda, Nizomlarning eski uylari oldida sabrsizlik bilan kutajagini aytgan edi. Xat oxirida yana: «Sizga u dunyo-yu bu dunyo sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida bonu», deb imzo qo‘yilgan edi.
So‘nggi so‘zlar Nizomning quvonchini alangalantirib yubordi. U horg‘in jilmayib qo‘l qovushtirib turgan Afzalbekka bir hamyon oltin berdi:
— Bu hali xamir uchidan patir, — dedi. — Sizga katta inoyatlar keyin bo‘lg‘usidir... Oqshom tush¬dimi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:39:05
— Hazratim... daryo bo‘yida sizga maxsus qayiq muntazir.
— Kimning qayig‘i?
— O‘zimniki... Mendan boshqa hech kim bilmagay...
— ma’qul, siz oldinroq ketavering.
Ular qirg‘oqning qaysi joyida uchrashishga ke¬lishib oldilar. Nizom yengil parchadan tikilgan qabosini kiyib boqqa chiqqanda ketidan ikkita qo‘rchi sekin ergashib bora boshladi. Nizom hozir sevgilisi bilan qanday uchrashishini ko‘z oldiga keltirar ekan, qizning xatidagi «Qalbim hukmdori», «sizga sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida bonu» degan jumlalar uni entiktirar edi. Bu so‘zlari uchun Nizom Hamida bonuni ehtiros bilan quchib o‘pishga tayyor edi... Visol paytida ular ikkovlari yolg‘iz qolishlari kerak. Qo‘rchilar xalaqit beradi. Nizom orqaga keskin o‘gi¬rildi-yu, qo‘rchilarning qarshisidan chiqdi:
— Bilamen, sizlar meni qo‘riqlab yuribsiz. Ammo bu oqshom yolg‘iz yurishni ixtiyor qildim. Sizlarga javob! Meni qasr eshigi oldida kutinglar.
— Ma’zur tuting, hazratim. Qo‘rchibegi bizga buyurgan!.. Yolg‘iz qo‘ymasligimiz kerak.
— Agar mening farmonimni bajarmasalaring, qo‘rchibegini ham, sizlarni ham shu bugunoq ishdan bo‘shatgaymen!
Qo‘rchilar orqasiga tisarildilar:
— Farmoningiz bosh ustiga, hazratim!
— Aytganimni qilsalaring ming rupiy mukofot bergayman!
— Bajonidil qasr oldida sizni kutgaymiz, — deb qo‘riqchilar qaytib ketishdi.
Nizom oqshom g‘ira-shirasida Jamnaning qirg‘o¬g‘iga borib Afzalbekni topdi. Qayiq kattagina, eshkagi to‘rtta edi. Anchadan beri o‘z kasbini sog‘inib yurgan Nizom daryoning narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tguncha o‘zi ham eshkak eshdi. Afzalbek qayiq bilan birga Zarafshon bog‘idan ellik qadamcha berida qoldi, Nizom  Hamida bonu bilan ko‘rishib qaytguncha shu yerda kutadigan bo‘ldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:39:18
Nizomlarning Zarafshon bog‘i yonidagi kulbalari kimsasiz, huvillab yotibdi. Nizom allaqachon ota-onasini bu yerdan ko‘chirib ketgan va saroyga yaqin joydan shinam uy-joy olib bergan.
Zarafshon bog‘i chetida Nizom Hamida bonu bilan ilgari uchrashib yurgan joyda hozir hech kim yo‘q. Lekin undan beridagi chirog‘siz uy ayvonida qandaydir sharpa sezildi. Hamida bonu chet ko‘zlardan panalab tashlandiq uy ayvoniga kirganmi? Nizom hayajondan entikib bolalikdan tanish bo‘lgan, faqat hozir huvillab qolgan ayvonga chiqdi. Shu payt ikki tomondan ikkita bahaybat odam uning ustiga tashlandi. Ulardan biri darhol Nizomning og‘zini qo‘li bilan bekitdi. Ikkinchisi uning qo‘llarini orqaga qayirib, allakimga:
— Tezroq bog‘la! — deb shipshidi. Bir lahzada uchinchi, to‘rtinchi odam paydo bo‘ldi. Nizom jonholatda yulqinib, o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab ko‘rdi, ammo biqiniga tushgan mushtlardan ko‘zi tinib, tanasi bo‘shashdi. Uy ortida usti bekik soyabon arava turgan edi. Nizomning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ziga latta tiqib, shu aravaga soldilar. Agradan janubga — Sekri tomonlarga olib ketdilar. Allaqancha vaqt o‘tgach, yo‘ldan chetga burilib, o‘siq butalar orasidagi ovloq bir joyda to‘xtadilar-da, Nizomni aravadan tushirdilar. Kundaday yo‘g‘on o‘rta yashar bir odam:
— Joningdan umiding bo‘lsa, hozir farmon yozursen! — dedi. — Said Xalil janoblarini darhol zindondan bo‘shattirgaysen!
Nizom gap nimadaligini endi fahmlay boshladi. Boshini «xo‘p!» deganday irg‘adi, og‘zi bekik bo‘lgani uchun so‘zlay olmadi. Uning og‘zini yechdilar. U o‘qchib yo‘taldi, ko‘zlari yoshlanib, yerga tupurdi.
— Men... farmon yozishim uchun... qog‘oz-qalam kerak... chiroq...
Soyabon aravadan qorachiroq olib tushib yoqdilar. Uning yorug‘i avval  ho‘kiztaxlit odamning sersoqol yuzini yoritdi. Keyin silliq kiyingan, mo‘ylovi tarashlangan oq sallali mullanamo yigit Nizomga ro‘para bo‘ldi:
— Ob-bo yalangoyoq saqqo-ey! — dedi bu yigit labini nafrat bilan burib. — Shundoq  buyuk pir sassiq zindonda yotganda, sen jononlar bilan uchrashib aysh-u ishrat qilmoqchi bo‘ldingmi, a?
Demak, bular Nizomning Hamida bonuga yozgan xatini qo‘lga tushirishgan. Nahotki Afzalbek uni aldab, bularning tuzog‘iga ilintirib bergan bo‘lsa?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:39:31
— To‘y tayyorligini ko‘rarmish-a! Mana senga to‘y!..
Oq sallali yigit Nizomning yuziga bir tarsaki urdi. Qo‘li yumshoq, og‘rig‘i uncha bilinmadi. Ammo Afzalbekka ishonib qanchalik aldanganini, yozgan maktubi Hamida bonuga yetib bormaganini, boyagi javob xatni qizning nomidan mana shu mullanamo yigit yozganini birvarakay fahmlagan Nizom tarsakidan ham ko‘ra qilgan xatosidan vujudi qaqshab o‘kirib yubordi.
Uni tepib, itarib yerga cho‘kkalatdilar, qo‘lini yechib, Said Xalilni zindondan ozod qilish haqida farmon yozishni buyurdilar. Qattiq bog‘langanidan uvishib, qotib qolgan qo‘llar anchagacha qalamni tutolmadi.
Sersoqol yo‘g‘on odam mullanamo yigitga qarab:
— Taqsir, o‘zingizning xatingiz yaxshi, — dedi. — Farmonni siz yozing. Shu saqqo imzo chekib muhrini bossa bo‘ldi.
Mullanamo yigit oq qog‘ozi bor juzdonni tizzasiga qo‘yib, qalamni qo‘liga oldi. Aravani haydab kelgan ikkinchi yigit unga chiroq tutdi.  Ho‘kiztaxlit yo‘g‘on odam esa cho‘kka tushgan Nizomning ko‘kraklarini paypaslab:
— Muhr bormi? — dedi. — Ha, qo‘ynida nimadir borga o‘xshaydir. Chiqar muhringni! Endi uni faqat biz istagan farmonga bosursen! Agar aytganimizni qilmasang, o‘liging mana shu butazorda qolgay! To‘y sen uchun emas, go‘shtingni yeydigan darrandalar uchun bo‘lgay!
Nizom qo‘ynidagi muhrga xuddi bir chayonni ushlayotganday qo‘rqa-pisa qo‘l urdi. Oltin qutichadagi podsholik muhri g‘alamislar qo‘lida qancha dahshat-u falokatlarga yo‘l ochib berishi mumkin! Shu muhr bosilgan qog‘oz bilan bular xazinaga ham tushishadi. Mirzo Humoyunni qatl etish haqidagi farmonga shu muhrni bosib, hazrat Nizomiddinning imzosi bilan uni o‘ldirishlari mumkin emasmi? Qancha yaxshiliklar qilgan odam¬ning qotiliga aylanish ehtimoli Nizomni shunchalik dahshatga keltirdiki, o‘zining joni xavf ostida ekanini ham unutdi. Chora izlab atrofga ko‘z qirini tashlaganda chiroq shu’lasi o‘ng qadamcha naridan boshlanadigan balchiq aralash katta bir ko‘lmakka tushdi.
Mulla yigit farmonni yozib tugatganda Nizom unga muhr bosmoqchi bo‘lib qaddini tikladi. Muhrni oltin qutichadan oldi-yu, qulochkashlab o‘sha ko‘l¬mak tomonga otdi. Ho‘kiztaxlit odam:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 08:39:47
— Hey, ablah, to‘xta! — deganicha Nizomga tashlandi, Nizom undan qochib, o‘zini chiroq tutib turgan aravakashga urdi. Chiroq yerga to‘nkarilib tushdi-yu, darhol o‘chdi. Yoruqqa o‘rgangan ko‘zlar qorong‘ilikda odamni odamdan ajratolmay qoldi. Shundan foydalangan Nizom o‘ng qadamcha nariga qochib bordi. Ammo orqasidan uchovlashib yetib olishdi, Nizomni oyog‘idan chalib yiqitishdi-yu, tepkilay boshlashdi.
Nizom hushidan ketayotib uzoqdan itlarning akillaganini eshitganday bo‘ldi. Bu unga najot tovushiday eshitildi.
— Muhrni ataylab yo‘q qildi-ya, ablah! — dedi yo‘g‘on odam Nizomning boshiga tepib.
— Izlab topaylik, — dedi mulla yigit, — bo‘lmasa farmon ish bermagay.
— Qanday topursiz? Hammayoq qorong‘i, butazor, balchiq...
— Itlar huryapti, — dedi aravakash. — Allakimlar kelayotganga o‘xshaydir...
Kelayotganlar — shu atrofning dehqonlari, yo‘qolgan mollarini qidirib, itlarini ergashtirib chi¬qishgan edi. Butazorlar orasida favqulodda hodisa bo‘layotganini sezgan itlar qattiq hurib tobora yaqinlashib kelmoqda edi.
Nizom xiyol hushiga kelib yotgan joyida bir talpindi.
— Bu ablahning endi bizga keragi yo‘q. Buni o‘ldiring!
— Tezroq bo‘ling! Itlar yaqin kelib qoldi.
Ho‘kiztaxlit odam pichog‘ini sug‘urdi-yu, shosha-pisha uni Nizomning badaniga bir necha marta sanchib oldi...
— O‘ldi! Yuringlar!...
Ular aravaga minib qochishdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:51:20
S I N D
QUVG‘INDA KELGAN BAXT

Panjobni oralab o‘tgan beshta daryo Multondan janubroqda bir-biriga qo‘shiladi-yu, Mitanqut degan joyda hammasi birvarakay Sind daryosiga quyiladi. Olti daryo bir o‘zanga yig‘ilib aqlni shoshiradigan darajadagi ulkan suvga aylangan Bhakkar atroflarida katta-katta kemalar suzib yuradi. Qirg‘oqlarda qator bo‘lib o‘sgan xurmo daraxtlarining yirik-yirik barglari daryo shamolida yashil alvonlarday hilpirab turadi. Qishning chayon nomi bilan atalgan aqrab* oyi allaqachon kirgan bo‘lsa ham, Sind o‘lkasi ba¬hordagidek ko‘m-ko‘k. Yomg‘ir fasli tugagandan so‘ng sernam tuproqqa ekilgan arpa va bug‘doylar maysasi tizzaga kelib qolgan. Bog‘larda limular va norinjlar oltinday tovlanib pishgan. Tinkani quritadigan issiqlar va ko‘z ochirmaydigan yomg‘irlar tugab, bu yerlarning osmoni ochiq va havosi salqin bo‘ladigan orombaxsh fasli endi boshlangan.
Uch oydan beri Sind bo‘ylarida goh Siyohvan shahriga borib, goh undan Bhakkarga qaytib, orom bilmay yurgan Humoyun atrofidagi tabiat go‘zalliklarini ko‘zi bilan ko‘rsa ham, lekin dili bilan his qilolmaydi. Hozir uning ko‘ngliga go‘zallik sig‘maydi. Xonumonidan ayrilib, Agradan quvilgani va Sind o‘lkasida sargardon bo‘lib yurgani unga butun umri¬ning eng qora kunlari bo‘lib tuyuladi, vujudini achchiq mag‘lubiyatlar alami va og‘ir yo‘qotishlar armoni band qilib turadi.
Lekin inisi Hindol mirzoning qarorgohida Hamida bonu degan qizni ko‘rgandan beri uning kayfiyatida g‘alati bir o‘zgarish yuz berdi. Humoyun ko‘hlik qizlarni ko‘p ko‘rgan. Biroq Hamida bonu¬ning chiroyli suratidan tashqari, kishini sehrlab oladigan tengsiz bir siyrati bor edi. Humoyun buni dast¬avval qizning ko‘zlaridan sezdi.
Humoyun Hindol mirzoning daryo bo‘yidagi qarorgohiga kelganda uni inisidan tashqari kelinlari Sultonim va o‘gay ona Dildor og‘acha ham kutib olishdi. Shu ayollarning yonida turgan Hamida bonu o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha Humoyunga bosh egib salom berdi. Shu asnoda ko‘z ko‘zga tushdi-yu, qizning nigohidagi latif bir harorat Humoyunning diliga behad iliq tuyuldi. U qizning yuziga kulimsirab tikildi-yu:
— Men sizni avval qayerdadir ko‘rganmen, — dedi.
— Ehtimol, Agrada... Navro‘z kuni...
— Ha, Jamnada, kema sayrida... Hazrat ammam tanishtirgan edilar!..
Humoyun uzoq o‘tmishga aylangan yorug‘ kunlarni eslab og‘ir tin oldi. O‘shandan beri u Sher¬xondan yana ikkinchi marta mag‘lub bo‘lib, xonumonidan ayrildi, quvg‘inga uchrab, chet o‘lkalarga qochib keldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:51:32
Hamida bonu Humoyunga hamdardlik bildirgan kabi:
— O‘sha mas’ud kunlaringiz yana qaytib kelsin, hazratim! — dedi.
Shu tilak aytilgan paytda Hamidaning ko‘zlaridan tushgan iliq nur yigitning ko‘nglidagi armon-u alamlar soyasini uloqtirib tashlaganday bo‘ldi. Humoyun¬ning dili birdan yorishib, qizga o‘tli nazar tashladi:
— Iloho so‘zingizga farishtalar omin desin, singlim!
Hindol mirzo Hamida bonu bilan akasining gapi yana cho‘zilsa me’yor buzilishini sezib betoqat bo‘ldi:
— Qani, hazratim, — deb Humoyunni to‘rga taklif qildi.
Hamida bonu qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib orqaga tisa¬rildi. Qiz bola erkaklar davrasida o‘tirolmaydi, hozir ketadi. Humoyun esa u bilan shunday shirin boshlangan gapni yana davom ettirishni istaydi. Qizdagi hamdardlik, ziyraklik va yana allaqanday sehr-u joziba Humoyunning dil yaralariga malham bo‘ladigandek tuyulardi.
Biroq iffat pardasi ichida yurgan muslima qiz bilan nomahram erkakning me’yordan ortiq gap¬lashishi urf-u odatga xilof ekanini dili sezib turardi. Humoyun to‘rga qarab o‘tganda Hamida bonu Sultonim begim bilan o‘ngdagi pushtirang movut chodirga kirib ketdi.
Humoyun uni yana ko‘rgisi kelar, ko‘zlari beixti¬yor pushtirang chodir tomonga ketib qolardi. Ammo Hamida bonu chodirdan qaytib chiqmadi. Humoyun inisidan uning otini, ota-onasining kimligini so‘rab oldi. Poygakroqda o‘ltirgan Xo‘ja Muazzam ismli o‘rta yashar bek:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:51:43
— Hamida bonu bizga jiyanlar, — deb izoh berdi.
Humoyunning Xo‘ja Muazzamga hurmati oshgandek bo‘lib, uni yuqoriroqqa — o‘zining yaqinidagi bo‘sh joyga taklif qildi. Xo‘ja Muazzam Hindol mirzoning beklaridan edi, shuning uchun o‘z valine’matidan ruxsat oldi-yu, keyin Humoyun ko‘rsatgan joyga o‘tdi.
Hindol mirzo bilan Humoyun orasidagi eski ke¬lishmovchiliklar hozir bartaraf bo‘lgan, chunki endi talashadigan toj-u taxt yo‘q. Hindol mirzo Amir Bahlulni bekor qatl ettirganini keyin bilgan, yoshlik xatolari uchun akasidan uzr so‘ragan, Humoyun ham uni kechirgan edi. Bultur Sherxon shimoli sharq tomonda Agraga tahdid solib qo‘shin tortib kelganda Komron mirzo yana Humoyunga qo‘shilgisi kelmay, o‘n besh ming qo‘shin bilan Panjobga qaytib ketdi. Hindol mirzo esa Humoyunning yonida qolib, Kanauj degan joyda Sherxon bilan bo‘lgan urushda qatnashdi. Bu gal Sherxon ortiqcha hiyla ishlatmasdan yuzma-yuz, dadil olishdi-yu, Humoyunni yana tor-mor qildi, Bayramxon Sherxonga asir tushdi. Hindol mirzo akasining mag‘lubiyatiga o‘zini sherik hisoblab, og‘ir quvg‘in kunlarida ham uning yonidan ketmay yuribdi. Naryoqda Komron bilan Askariy bir taraf bo‘lib, Hindol bilan Humoyunni na Kobulga, na Badaxshonga va na G‘azni tomonlarga yaqin keltirmaslikning harakatini qilishyapti.
Qandahor hokimi Qorachaxon Komron mirzo bilan arazlashib qolgan, buni eshitgan Hindol unga ishonchli beklaridan birini yuborib, ittifoq taklif qildi.
— Agar Qorachaxon Qandahorga taklif qilsa borurmisiz? — deb so‘radi Humoyun inisidan.
— Siz buyursangiz borurmen. Balki birga ketgaymiz?
Humoyun o‘ylanib turib bosh chayqadi:
— Men Gujarat tomondan xabar kutmoqdamen. Bayramxon Sherxon asoratidan qochib Gujaratga borgan ekan.
— Tirik ekanmi, a?
— Ha, chopari keldi. Sherxon uni o‘z xizmatiga olmoqchi ekan. Bayramxon bir so‘zli odam-da. Mard¬lik qilibdir, «men Humoyun mirzoga sadoqat va’da qilganmen, so‘zimdan qaytolmaymen», debdir. Sherxon uni uzoq vaqt hibsda tutibdir. O‘ldirmoqchi bo‘lgan ekan, gujaratlik bir odam yordam berib qo¬chiribdir. Gujarat rojalari Sherxonga qarshi birgalashib jang qilish uchun biz bilan ittifoq tuzmoqchi ekanlar. Men rozi bo‘lib Bayramxonga odam yubordim.
— Unda Qandahor Komron mirzoga qolurmu? — so‘radi Hindol.
— Nechun? Agar Qorachaxon astoydil taklif qilsa siz borganingiz ma’qul. Qandahor bizning Eron bilan bordi-keldi qiladigan eng muhim qal’alarimizdan. Uni ilikdan chiqarmasligimiz kerak.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:51:55
Hindol mirzoning ko‘ngli tilagan gap ham shu edi. Davlat ishlarida hozir u akasi bilan hamfikr edi-yu, biroq Humoyun hozir Hamida bonuga haddan ortiq qiziqib qolgani va Xo‘ja Muazzamni yoniga taklif qilgani Hindol mirzoni xavotirga solib qo‘ydi. Chunki Hindol hali ham Hamidadan ko‘ngil uzgan emas. To‘g‘ri, qiz unga mutlaqo ro‘yxushlik bermay yuribdi. Lekin Hindol mirzo Qandahorga borsa, o‘sha yerda o‘ziga mustaqil hokim bo‘ladi, akalari uzoqda qoladi, hech kim uning oilaviy ishiga arala¬sholmaydigan va ra’yini qaytarolmaydigan payt keladi. Humoyunning o‘zi yigirma yoshidayoq ikki xotinlik bo‘lib olgan edi-ku, Hindol undan kammi?
Humoyun yana Hamida bonu haqida so‘z ochganda Hindol akasidan ranjiganday bo‘lib:
— Bu qiz bizning dargohda o‘sgan, — dedi. — Bizga singil bo‘lsa, sizga farzanddek, hazratim.
Hindol bu so‘zlar bilan akasining xotinlari Beka begim va Mevajonni esiga solmoqchi bo‘ldi. Hu¬moyun bultur juda katta tovon to‘lab, Beka begimni Shershohning asoratidan qutqarib olgan edi. Lekin beka begim ancha vaqt dushman qarorgohida, no¬mahram el orasida bo‘lgani sababli ruhoniylar unga astoydil bir poklanishni maslahat berdilar. Beka begim Makkayi Madinaga borib kelishni ixtiyor qildi. Humoyun uni ishonchli odamlari bilan hajga jo‘natganiga uch oy bo‘ldi, haligacha qaytishgani yo‘q. Qizchalari Aqiqa asirlikda halok bo‘ldi. Haram ahlidan Chand bibini Shershoh o‘zining hind sarkar¬dalaridan biriga nikohlab berdi. Mevajon bilan esa Humoyun ajrashgan. Hozir uning yolg‘izlikdan qiynalib yurgan payti.
Bugun Hamidani ko‘rgandan beri Humoyun quyosh nurlarining ko‘m-ko‘k yaproqlarda qanday chiroyli jilvalanishini qaytadan his qila boshladi, yengil shabada bog‘ chetidan yoqimli gul hidini olib kelganini sezdi, daryo bo‘yida bulbul sayrayotganini eshitdi.
Qulog‘i allanarsadan bitib qolgan odam hech narsani eshitolmay garangsib yurgani kabi, Humoyun ham ketma-ket kelgan mag‘lubiyatlardan esankirab, atrofidagi hayotning go‘zalliklarini sezmaydigan bo‘lib qolganini endi fahmladi. Axir u xonumonidan ayrilib, Agradan quvilgan bo‘lsa ham, atrofda hayot davom etyapti-ku. Qorli tog‘lar, jo‘shqin daryolar, chamanzor bog‘lar hammasi o‘z o‘rnida turibdi-ku. Mana shu chodirlardan birida hozir Hamida bonu degan qiz bor. Humoyunning qalbida so‘nib qolgan go‘zallik tuyg‘usini shu qiz birdan uyg‘otib yubordi. Bu qizni Humoyun nima qilib bo‘lsa ham yana uchratadi.
— Hamida bonu xonadoningizda o‘sgan bo‘lsa juda soz! — dedi u inisi Hindolga. — Ertaga hammalaringiz biz turgan Samandar bog‘iga tashrif buyuringlar. Siz Sultonim begim bilan hazrat ona¬ngizni birga olib boring. Xo‘ja Muazzam jiyanlari hamida bonu bilan borsinlar. Tomosha qilib, yozilib kelursizlar.
Hindol mirzo bu taklifni rad etolmadi...

_____________
*  A q r a b — 22-oktabrdan 22-noyabrgacha.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:52:07
*  *  *

Humoyun turgan bog‘ daryoning o‘rtasidagi xushhavo orolda edi. U kema bilan o‘z qarorgohiga suzib o‘tdi-da, Javhar oftobachi boshliq xizmatkorlariga buyurib, ertasi kuni Hindol mirzoning kelishiga maxsus dasturxon tuzatdi, bog‘ yo‘lkalarini orasta qilib supurtirdi va mayin qum to‘shattirdi. U mana shu yo‘lkalardami yoki suv bo‘yidagi naqshin tolordami Hamida bonu bilan ikki og‘iz xoli gaplashish umidida edi.
Biroq, Hindol mirzoning o‘zi, onasi, xotini, boshqa yaqin kishilari kemaga tushib kelishganda ularning orasida Hamida bonu yo‘q edi.
— Xo‘ja muazzam sizdan uzr so‘radi, — dedi Hindol. — Jiyani kelolmas ekan.
Humoyunning ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, lekin dastur¬xonga ovqat tortilib, quyuq-suyuq tugaguncha bu to‘g‘rida gap ochmadi.
Sultonim begim kanizi bilan bog‘ni tomosha qilgani ketgach, katta tanobiy uyda Humoyun inisi Hindol va uning kayvoni onasi Dildor begim uchov¬lari qoldi.
— Kechagi qizni nechun birga olib kelmadingiz?— deb Humoyun inisidan so‘radi.
— Bilmadim... Men yur deb qistasam, vaj ko‘r¬satdi.
— Qanaqa vaj?
— Podsholarni bir marta ko‘rish yetarli emish. Ikkinchi marta ko‘rsa nomahramlik bo‘larmish.
— Undoq bo‘lsa mahram qilib olgaymiz!
Humoyunning niyati bu darajada jiddiy ekanidan Hindol iztirobga tushdi:
— Hazratim, bu qiz ham Mevajonga o‘xshab besh-o‘n oydan keyin nazardan qolsa... umri xayf ketgay!..
Humoyun kuyunib uh tortdi-da:
— Muncha toleim past ekan! — dedi. — Xotin jo‘nidan ham omadim kelmay yurganini hazrat ammam fahmlar edilar. Afsuski, hozir u kishi Kobuldalar. Bultur Jamna bo‘yida ammam Hamidani menga ko‘rsatganda durust e’tibor bermagan ekanmen. U paytda o‘zim ham hovliqib osmonda yurgan edim, chamasi. Mana endi yerga qulab ko‘zim ochildi. — Humoyun Dildor og‘achaga yuzlandi. — Hazrat begim, siz Hindolga qanday ona bo‘lsangiz, menga ham shundaysiz. Dardimni sizlarga aytmasam, kimga aytay? Men qachondan beri oqila-yu fozila bir tanmahramga zor bo‘lib yuribmen. Sizdan iltimos, begim, Mirbobo Do‘st bilan gaplashib bering, shu qizini bizdan darig‘ tutmasin!
— Ammo qizning o‘zi bunga ko‘nmasa-chi? — dedi Hindol mirzo labi asabiy pirpirab. — Men Hamidani kichikligidan bilurmen. Juda bir so‘zli qiz. Mana bugun kelmadi-ku. Yo‘q desa hech kim uni ko‘ndirolmagay!
Dildor og‘acha ham Hindolning yonini oldi:
— Hazratim, hozir ahvolimiz ilgarigiday emas... Agrada hukmfarmo bo‘lgan paytlaringizda har bir istagingiz tez amalga oshardi. Siz qaysi qizni xohlasangiz hech kim yo‘q deyolmas edi. Qizning ko‘ngliga ham qaralmas edi. Ammo hozir...
Humoyun xijolat tortib:
— Rost, men ilgari... ko‘p narsaga oson yetishib yomon o‘rganganmen, — dedi. — Endi bu odatni tark etmog‘im kerak.
— To‘g‘ri-da, deb Hindol akasining so‘nggi gapini ma’qul ko‘rdi: — Otdan tushgan odam egardan ham tushmog‘i lozim.
Shu bilan u akasini Hamida bonu bilan qayta uchrashish fikridan qaytarmoqchi edi. Lekin Humo¬yun yana Dildor begimga yuzlandi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:52:19
— Men avval qizning o‘zi bilan so‘zlashib, ko‘nglini bilay. Shunga ko‘mak bersangiz bas...
— Xo‘p, bunisiga men rozi, — dedi Dildor begim.— Ertaga o‘zingiz boring.
Ertasi kuni peshin namozidan so‘ng Humoyun yana kema bilan daryodan o‘tib, Hindol mirzoning qarorgohiga bordi va Dildor begim turadigan kattakon qizil chodirni qidirib topdi. Begim uni chodir ichida yolg‘iz qoldirdi-da, o‘zi Hamida bonuni chaqirib kelishga ketdi.
Oradan bir soatlar chamasi vaqt o‘tgandan keyin Dildor og‘acha o‘ng‘aysiz bir ahvolda yolg‘iz qaytib keldi:
— Hamida kelmadi, — dedi.
— Nechun? Sababini aytdimi?
— Ochiq aytmaydir. Allaqachon bo‘yi yetgan. U tengilar er qilib bolalik ham bo‘ldi. «Sen ham kimgadir mahram bo‘lishing kerak-ku», desam... «Men ilkimni cho‘zsam, bo‘yniga yetadigan odamga mahram bo‘lish orzusidamen», deydir. Siz uning uchun juda balandda emishsiz, ilkini cho‘zsa etagingizga ham yetmas emish.
Bunday gaplarni uncha-muncha qiz ayta olmaydi, Hamida bonu chindan ham aqli rasolardan ekanini Humoyun shu javobidan sezdi. Ammo so‘nggi gap¬ning mag‘zini chaqolmay, Dildor og‘achadan so‘radi:
— Kamtarlik qilganimi bu? Meni intizor qilib qo‘yib, yana o‘zini buncha past olganida qanday ma’no borikin?
— Tushunmadingizmi, hazratim? Axir podsholar o‘z haramlariga nisbatan qo‘l yetmas balandlikda yurgaylar-ku. Biz ham umr bo‘yi xudo rahmatli ota¬ngizning diydorlariga zor bo‘lib yashaganmiz. Doim davlat tashvishi-yu urush-yurishlar bilan band edilar. Ulardan bo‘shab haramga yo‘llari tushganda bir emas, to‘rt xotin yolg‘iz erni bir-birlaridan qizg‘a¬nishadir. Ana shunday xotinlarning biri bo‘lib yashash ilik cho‘zganda etagiga ham yetmaydigan odamga mahram bo‘lish degan ma’noni bildirmaydimi, hazratim? Hamidaning onasi ham «gulday qi¬zimni xotin ustiga bermagaymen», deb oyoq tirab turibdir.
Humoyunning ovozi alam bilan titrab eshitildi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:52:30
— Ammo suymagan haramim bilan turish men uchun jahannam emasmi, begim? Menga bu  haramning ne keragi bor? Hammasidan voz kechgaymen! Hamida ilkini cho‘zsa yetadigan xokisor yigitga aylanmoq uchun neki zarur bo‘lsa qilay! Men dunyoga kelib sof muhabbat naqadar ulug‘ ne’mat ekanini endi bilmoqdamen. Hozir dilim nurday yorug‘ tuyg‘ularga to‘lib turibdi. Bu tuyg‘ular pok bo‘lgani uchun sizga ham tortinmay so‘zlamoqdamen, hazrat begim! Meni tegirmon toshiday ezib yotgan mag‘¬lubiyat alamlari, toj-u taxt armonlari — hammasi hozir xayolimdan uzoqlashdi, xuddi kechib o‘tilgan botqoqlikdek orqada qoldi! Oldinda esa dunyoning barcha quvonchlarini o‘zida jam etgan bir istiqbol turibdilar. Bu — Hamida bonu. Ne qilib bo‘lsa ham men bu qizni yana ko‘rmog‘im kerak. Mehrimni rad etsa ham mayli, faqat sababini o‘zi aytsin!
Humoyunning ehtirosga to‘lib aytgan bu so‘zlari Dildor begimga qattiq ta’sir qildi. Begim kelini Sultonimni yordamga chaqirishga va ikkovlashib Hamidani Humoyun bilan albatta uchrashtirishga so‘z berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:53:40
*  *  *

Chorshanba kuni Sultonim va Dildor begim Samandar bog‘iga Hamida bonuni choshgoh payti boshlab bormoqchi ekanliklarini xabar qildilar.
Humoyun ularni ikki tomoniga sersoya sanobar daraxtlari o‘tkazilgan yo‘lka oxirida, zarrin naqshlar bilan bezatilgan shiyponda kutib oldi.
ta’zim-u tavozelardan keyin Dildor og‘acha va Sultonim begim shiypondan o‘ng tomonga burilgan yo‘lka bilan daryo bo‘yiga qarab ketdilar, Humoyun bilan Hamida bonu atrofini yashil chirmovuqlar pana qilib turgan shiyponda yakkama-yakka qolishdi.
Hamida bonu nafarmon gulli parchadan qabo kiygan. Boshidagi baland toqisi chetidan yelkasiga tushgan ikki o‘rim uzun sochlari qabosining etagigacha yetgan. Yuziga tutilgan oq harir parda uni yanada sehrli ko‘rsatadi.
Humoyun quvonchini yashirolmay:
— Sizni qayta ko‘rganim uchun tangriga shukurlar ayturmen! — dedi. — Shu keyingi bir hafta men uchun bir yildek uzun tuyuldi. Men sizga dilimni ochib so‘zlay. Umrimda hech bir qizni bunchalik intizor bo‘lib kutmaganmen. Hamida bonu, sizdan o‘tinamen, rostini ayting, mendan ne gunoh o‘tdiki, diydoringizga bu qadar nomunosib ko‘rdingiz?..
Hamida bonu cho‘g‘day yonib turgan ko‘zlarini yerdan olib, Humoyunning yuziga qisqa bir nazar tashladi.
— Sizdan gunoh o‘tgan emas...
— Bo‘lmasa oramizda ne monelik bor? Ayting, men bilay...
— Monelik ham emas... Siz e’zozlagan pok bir kishining xotirasi... Balki hali tirikdir? Yoki tangri rahmatiga borgani rostmi? Shuni bilolmay dog‘damen...
— Kim dedingiz? Kim?
— Sizga Chausada yaxshiliklar qilgan yigit... iningiz bizni Alvarga olib ketib qolgan edilar. Biz yo‘g‘imizda siz uni taxtga chiqargan ekansiz...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:53:52
— Nizommi?
— Ha...
Karamnasadagi halokatli o‘pqonlar, keyin Agrada bo‘lgan kurashlar, Nizomning bir kechada dom-daraksiz yo‘qolgani, Humoyun qancha su¬rishtirib, hech narsani aniqlay olmaganligi xotirasiga birdan bosib keldi-da, xayolini boshqa yoqqa burib yubordi:
— Men uni avliyoday e’zozlab yurdim-u to‘satdan yo‘qotib qo‘ydim. Agar shu yigit yonimda bo‘lsa, ehtimol, keyingi falokatlarga uchramasmidim? Siz ham uni bilarmidingiz, Hamida bonu?
— Zarafshon bog‘ida turganda ko‘rgan edim. Kichkina qizaloq paytlarimda kanizim bilan ikkimizni qayig‘iga solib aylantirgan edi.
Hamida bonu Nizom bilan o‘tgan mas’ud damlarini hozir juda ma’yus bo‘lib esladi-da:
— Meni bir o‘y ezadir, hazratim, — dedi. — Men o‘zim bilmagan holda ehtimol... uning o‘limiga yoki... yo‘qolishiga sabab bo‘lgandurmen?
— Yo‘g‘-e, nechun siz sabab bo‘lursiz?
Hamida bonuning qo‘lida ko‘zmunchoqlar va kashtalar bilan bezatilgan chiroyli atlas kisa* bor edi. u kisani sekin ochib, ichidan sarg‘ayib, hilvirab qolgan bir parcha qog‘ozni avaylab oldi.
— o‘n kundan beri huzuringizga kelolmaganim¬ning sababi mana shu maktub. Buni sizdan yashirsam dilim kuydi. Aytay desam... Meni hayosiz deb o‘ylashingizdan qo‘rqdim. Agar bu maktubda xotirangizga malol keladigan biron gap bo‘lsa meni ham, uni ham kechiring. Avval shu iltimosimni qabul qilsangiz, keyin maktubni berishga jur’at etgaymen.
— Iltimosingizni bajonidil qabul qilgaymen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:54:25
Shundan keyin Hamida bonu Nizomning maktubini Humoyunga berdi. Maktubda Nizom Humoyunni «tanti siymo ekanlar» deb maqtagani unga yoqimli tuyulsa ham, ammo Hamida bonuni «Oftobim» deb muhabbat izhor qilgani, Jamna bo‘yidagi o‘sha sohilda yana bir uchrashishga chorlagani va to‘ydan gap ochgan joylari to‘satdan rashkini keltirdi. Humoyun Nizomni avliyo deb yursa, bunaqa shaytonligi ham bor ekan-ku! Alvardan Hindol mirzoni tezroq chaqirtirgisi kelib sabrsizlangani bejiz emas ekan-da!
Humoyun xatning oxiriga yetgan sari avzoyi o‘zgarib, qoshlari chimirilgani Hamida bonuni xavotir qildi. Nahotki Humoyun Nizomning taqdiri nima bo‘lganini, bu xat kimlarning qo‘liga tushib, Hamida bonuga qanday yetib kelganini surishtirib bilmasdan oldin ikki yoshning orasida bo‘lib o‘tgan bolalarcha musaffo mehrga rashk qilsa?
Humoyun xatni o‘qib bo‘lib boshini ko‘targanda Hamida kuyunib gapirdi:
— Koshki bu xat o‘sha paytda mening ilkimga borib tekkan bo‘lsa! Nobakorlar buni ham o‘g‘irlagan ekanlar.
— Nechuk? Bu xatni sizga kim berdi?
— Otam...
— A?
Hamida bonu voqeaning tafsilotlarini hikoya qilar ekan, Humoyun Nizomning mana shu xat tufayli ashaddiy dushmanlari qo‘liga qanday tushib qolganini endi taxmin qila boshladi. Bu xat Alvarga borgan emas, hamma yovuzlik  Agraning o‘zida qilingan. Hamida bonular Alvardan Agraga qaytgunlaricha Nizom yo‘qolib bo‘lgan. Humoyun uni bir oy qidir¬tirib, hech qayerdan topdirolmagach, daryoga cho‘kib ketgan, degan fikrga kelgan edi. Shungacha Nizom¬ning xatini yashirib yurgan g‘alamislar endi u o‘ldiga chiqqanidan so‘ng Hamida bonuning ham adabini berib qo‘ygilari keladi. Nizomning podsholik muhri bosilgan maktubini kechasi qorong‘ida notanish bir kishi Mirbobo Do‘stning qo‘liga tutqizadi, «qizingni tiyib ol!» deb g‘o‘ldiraydi-yu, g‘oyib bo‘ladi. Mirbobo Do‘st qo‘ldan qo‘lga o‘tib ezg‘ilangan bu xatni o‘qib, undagi muhabbat izhoridan, ayniqsa, qizining daryo sohilida begona yigit bilan uchrashganidan darg‘azab bo‘ladi. Hamida bonuni qiyin-qiynoqlarga soladi. «Dadajon, o‘lib ketgan bo‘lsa arvohini ranjitmang, menda gunoh yo‘q, u ham bolalarcha, sof muomalada bo‘lgan» deb, Hamida bonu otasiga yig‘lab izoh beradi. Keyin onasi oraga tushadi. Mirbobo Do‘st xatni yirtib tashlamoqchi bo‘lganda, xotini, «o‘lgan odamning xotirasi uvol bo‘lmasin, menga bering!» deb yalinib, xatni undan oladi-yu, sandiq tubiga yashiradi. Aminat yordamida maktub axiyri Hamidaning qo‘liga tegadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:56:15
Hamida bonu bu voqealarni aytib berar ekan, ko‘zlarida, yosh yiltiradi. Humoyun buni ko‘rganda boyagi qizg‘anchiq tuyg‘ulari endi o‘ziga ham juda noo‘rin va uyatli tuyuldi. Nizomning boshiga yomon bir falokat tushganligi, uni Hamida bilan uchrashtirish bahonasida daryo bo‘yiga olib borib o‘ldirib yuborganlari Humoyunni endi larzaga soldi. Axir Nizomning taqdiri uchun, avvalo, Humoyun javobgar emasmidi? Tajribasiz yosh yigitga hokimi¬yatni bergan u edi-ku? Yaxshilik qilaman deb, uni saroydagi yomon muhitning qurboniga aylantirganidan qanday bexabar qoldi?
— Ilohim Nizom tirik bo‘lsin, — dedi Hu¬moyun.— U bo‘lmaganda men o‘zim hozir tirik yurmas edim.
— Balki tirikdir?... Qandoq bilish mumkin? Uning xotirasi siz bilan mening oramda tirik bir daryodek oqib turibdir. Shuncha kundan beri huzuringizga kelolmaganim — ana shu daryoni bosib o‘tolmaga¬nim sababli edi, hazratim.
Hamida bonuning qanchalik go‘zal qalbi borligini Humoyun uning mana shu so‘zlaridan sezdi. Hozir uning o‘zi uchun ham Nizomning xotirasi muqaddas bir daryo bo‘lib tuyuldi. Endi u ham bu daryoni oyoqosti qilib bosib o‘tolmasligini, Hamida bonu turgan narigi qirg‘oqqa boshqa bir yo‘l topishi kerakligini his qildi. Balki bu yo‘l juda uzoqlardan aylanib kelar va undan juda katta sabr-bardosh talab qilar. Lekin Hamida bonuning visoliga tezroq yetishmoqchi bo‘lib sabrsizlanganlari hozir uning o‘ziga yengiltaklik va bachkanalik bo‘lib ko‘rindi. Ikkovlari ham Nizom xotirasi oldida qarzdor ekanmilar, endi bu qarzni uzishlari kerak. Loaqal Nizomning taqdiri nima bo‘lganini aniqlamay turib, bir-birlariga astoydil ko‘ngil qo‘ya olmaydilar. Humoyun Hamida bonuga Nizomning xatini qaytarib berar ekan:
— Balki javob yozarsiz, Hamida bonu? — dedi. — Agra tomonlarga yashiriqcha borib kelayotgan odamlarimiz bor. Tayinlab berib yuborgaymiz. Ni¬zomning ota-onasiga Sekridan kattagina jogir bergan edik. Nizomning taqdiri qanday bo‘lganini ular bulturdan beri so‘roqlab bilgan bo‘lsalar kerak. Bizning Agradan chiqib ketganimizga ham yetti oy bo‘ldi. Ko‘nglim sezib turibdir, odam yuborsak, biron xabarini topib kelgay.
Hamida bonu Nizomga yozadigan xatining qo‘ldan qo‘lga o‘tib yurishini o‘ylab ikkilandi.
— Hazratim, xat yana... begonalar ilkiga tushishidan qo‘rqamen... Yurak oldirib qo‘yganimni bilursiz. Balki o‘zingiz mening nomimdan ham... bitib yuborarsiz?
— Mayli, Nizomga men ham maktub yozay. Ammo siz qo‘rqmang. Maktubingizni eng ishonchli bir odamga bergaymiz. Surg‘uchlab bekitgaysiz. Hech kim ochmagay. Axir maktubga javob yozish — siz¬ning burchingiz. To‘g‘rimi?
Hamida bonu Humoyunning so‘zlariga ishongan kabi bosh irg‘ab:
— Minnatdormen! — dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:56:49
Humoyun uni ko‘shkka boshlab bordi. Hamida bonu gap-so‘zlardan qo‘rqmay ichkariga dadil kirdi. Humoyun Javhar oftobachini chaqirib pastki ayvonga miz va qog‘oz-qalam olib kelishni buyurdi. Hamida bonuni shu ayvonga boshlab kirib, qog‘oz, siyoh va qalam turgan miz oldiga o‘tqazdi-da, o‘zi xonayi xosga chiqdi va Javhar oftobachiga yana bir topshiriq berdi:
— Filbon La’l Chandni chorlang! Tez!
To La’l Chand kelguncha Humoyun ham miz yoniga kelib maktub yoza boshladi:
«Menga tug‘ushqonimdek aziz va muhtaram Nizomiddin!
Xudodan iltijo qilurmenkim, bu xat Sizning ilkingizga borib yetsin. Bizning boshimizga tushgan keyingi kulfatlardan xabaringiz bordir. Shular tufayli Sindda armon-u alam ichida yurganimda bir sabab bilan Hamida bonuga yozgan maktubingizdan xabar topdim. Aralashishim lozim bo‘lmagan bu nozik muammoga faqat Sizni qidirib topish niyatidagina aralashmoqdamen. Buning uchun meni ma’zur tu¬ting. Maktubingizdagi rozlardan xijolat chekmang, chunki bu boralarda men sizni o‘zimdan yuz chandon musafforoq va ma’sumroq deb bilurmen. Men to umrim boricha sizdan qarzdormen va ko‘nglingiz tilagan qanday ish ilkimdan kelsa qilishga tayyorman. Agar dargohimizga qaytishni ixtiyor qilsangiz, bosh ustiga, taqdirda neki bo‘lsa birga baham ko‘rgay¬miz...»
Ayvonda o‘ltirib xat yozayotgan Hamida bonu esa har ikki so‘zdan so‘ng bir to‘xtab qolar, Humoyun ham shu binoda o‘ltirganligi xayolidan nari ketmas, nizom hayotmi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ikki yigit uni ikki o‘t orasiga tashlayotganday qiynar edi. Bugungi hayajonli gaplardan so‘ng Hu¬moyun unga sirdoshroq tuyular, shuning uchun qiz Nizomga:
«Qadrdon og‘am o‘rnidasiz, — deb yozmoqda edi.— Oramiz nurday pok. Faqat menga yozgan maktubingiz tufayli boshingizga og‘ir kunlar tushmadimikin degan iztirobdamen». Hamida bonu maktubni qachon va kimdan olganini bayon qildi: «Sizning yog‘iy ilkiga tushishingizga men ham sababchi bo‘lganim uchun ruhiy azobdamen, — deb davom etdi. — Ilohim hayot bo‘ling».
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:58:17
Hamida bonu qisqagina maktubini tugatib, o‘rnidan turganda Humoyunning munshisi ayvonga ta’zim qilib kirdi. Hamida boya xat yozganda ko‘tarib qo‘ygan harir pardani yana yuziga tushirdi. Munshi¬ning qo‘lidagi sopol idishda xiyol bug‘lanib turgan issiq surg‘ich bor edi.
— Maktubni yozib bo‘ldingizmi, bonu? — so‘radi munshi. — Hazratim menga surg‘uchlashni buyur¬dilar.
Humoyun Hamidani alohida joyda yolg‘iz qoldirib, istaganicha erkin maktub yozishga imkon bergani va maktubini hech kim o‘qiyolmaydigan qilib darhol surg‘uchlatgani qizning unga bo‘lgan ehtiromini yanada oshirdi. Hamidani ko‘pdan beri ezib yurgan ichki dard endi og‘ir toshday dilidan ko‘chib go‘yo qog‘ozga tushdi va shu bilan ruhiga katta bir yengillik berdi.
Bu orada Humoyun ham maktubini yozib bo‘lgan ekan, munshi uni ham surg‘uchladi. Shu orada Javhar oftobachi filbon La’l Chandni boshlab keldi. Humoyun har ikkala maktubni munshining qo‘lidan oldida, Hamida bonuni o‘zining xonayi xosiga boshlab kirdi. So‘ng La’l Chandning bir o‘zini chaqirtirdi.

_____________
* K i s a — xaltacha, bugungi tilda — sumka. Keyinchalik kisa — kiyimga tikiladigan kissa nomini olgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:58:28
*  *  *

Bundan o‘ng to‘rt yil avval G‘ozixonning qutqusi bilan Bobur askarlarini o‘rmonda adashtirib halok qilmoqchi bo‘lgan La’l Kumar keyinchalik La’l Chand nomi bilan Humoyun xizmatiga kirgan edi. Gujaratda Bahodirshoh bilan bo‘lgan janglarda La’l Chand mingan jangovar fil dushman fillari¬ning birini o‘mrovi bilan urib va ikki oyoqlab tepib qulatganini, ikkinchisini tishlari bilan urib qochirganini Humoyun o‘zi ko‘rgan edi. Shundan beri La’l Chandni o‘ziga xos filbon qilib olgan, Ganga bo‘yida Chausada ham bu odam uning Sherxon asoratidan qochib qutulishiga yordam bergan edi. La’l Chandning tabib akasi Bayju o‘g‘il-qizlari va nevaralari bilan Agra atroflarida istiqomat qilardi. Sakkiz oydan beri Humoyun bilan birga musofirotda yurgan La’l Chand jigarbandlarini juda sog‘in¬gan, ulardan xabar olib ke¬lish uchun «hali shoshmang, vaqti-soati kelganda sizni o‘zim chaqirtirgaymen», degan edi.
Hozir podsho chaqirtirganidan umidga to‘lib shosha-pisha yetib kelgan La’l Chand qo‘lini juftlab boshi uzra qo‘yganicha ta’zim qildi-da:
— Buyuring, hazratim! — dedi.
— Sohib Chand, siz Agraga borib kelmoqchi edingiz. Biroq Agrada hozir Shershoh hukmron. Yo‘llar xatarli...
— Xatarni endi ko‘rmoqdamizmi, hazratim! Men Laxo‘rga borib yurmasdan, Ajmirga o‘tib, undan agraga bormoqchimen. Savdogar qiyofasiga kirib fi¬limga bozorgir mollardan yuklaymen.
— Sahro orqali yursangiz balki fildan ko‘ra tuya ma’quldir?
— Mening filim sahroda ham yaxshi yurgay! Hozir salqin, tuyadan ko‘ra filda tezroq borish mumkin.
— Taxminan necha kunda borib qaytgaysiz?
— Bu yerdan Agragacha Ajmir orqali salkam besh yuz mil. Har kuni o‘ttiz-qirq mildan yurganimda... nari-berisi bilan... bir oyda kelurmen.
Humoyun yelkasiga olayotgan yuki benihoya og‘ir ekanini birdan sezib qolganday gavdasi mayishib:
— O‘h! — dedi va yordam kutganday Hamida bonuga mo‘ltirab qaradi. «Nahotki bir oygacha filbonning yo‘liga qarab, bir-birimiz bilan uchrasholmay yurgaymiz?» degan savolni qiz fahmladi. «Nachora, boshqa iloj yo‘q!» demoqchi bo‘lib, qiz javob qarash qildi. Humoyun qizning so‘z bilan aytolmagan javobini  qat’iyatli nigohidan payqadi. U Hamidaning xohishiga qarshi borolmay og‘ir tin oldi-da, yana filbonga yuzlandi.
— Siz Nizomni bilar edingiz. Bedarak ketgani bizni haligacha  iztirobga solmoqda.
— O‘zi  ham ajoyib yigit edi, — deb achinib esladi La’l Chand.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:58:56
— So‘nggi oylarda ehtimol bir xabari chiqqan¬dir,— davom etdi Humoyun. — Sekri tomonda ota-onalari tursa kerak. Avval ularni toping. Agar ular orqali Nizomni topsangiz, mana shu ikkita maktubni ilkiga bering-u bizga javobini olib keling.
La’l Chand maktublarni ta’zim bilan ikki qo‘llab oldi:
— Bularni shunday maxfiy tutingki, siz-u nizomdan boshqa biror odamning ilki ham tegmasin, nazari ham tushmasin!
Yoshi qirq beshlarga borib, uzun soqol qo‘ygan, lablari va iyagi atrofidagi soqol-mo‘ylabining bir qismi oqargan La’l Chand ko‘pni ko‘rgan tajribali odam edi. Uzoq yo‘lda unga pul kerak bo‘lishini biladigan Humoyun xazinachini  chaqirib ikki ham¬yon oltin berdirdi.
— Biri o‘zingizga, — dedi, — savdogar qiyofasida borsangiz pulsiz ish bitirolmagaysiz. Ikkinchi ham¬yonni esa Nizomga bergaysiz. Xazinada uning ko‘p oltinlari qolgan. Kerak bo‘lsa yana olishi mumkin.
— Mabodo, Nizomni topolmasam-chi? — deb so‘radi La’l Chand.
— U holda maktublarni qaytib olib kelgaysiz, toki surg‘uchlari buzilmagan bo‘lsin! — qat’iy qilib dedi Humoyun.
— Jonimni garovga qo‘yib bo‘lsa ham buyrug‘i¬¬ngizni bajargaymen! —  dedi La’l  Chand va orqasi bi¬lan yurib chiqib ketdi. Shundan so‘ng Hamida bonu Humoyunga minnatdor ko‘zlari bilan tikildi-da:
— Olijanob ish qildingiz, hazratim! — dedi. — Endi menga ijozat bering. Dildor begim kutib qoldilar.
Humoyun uni boqqa kuzatib chiqdi.
— Agradan xabar kelguncha... xayr! — dedi qiz.
— Hamida bonu, Nizomga oid gap oramizda qolgani durust.
Hamida bonuga bu taklif ma’qul tushdi. Uylariga qaytayotganlarida, Dildor og‘acha uning nima qarorga kelganlarini so‘radi. Hamida bonu Humoyundan bir oyga muhlat so‘raganini, hazrat shunga ko‘nganini aytdi. Boshqa gaplarni qiz hatto onasidan ham sir tutdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:59:08
*  *  *

Ikkovlari orasidagi bu sir Hamidaning diliga tushgan uchqun bo‘ldi-yu, ilgari sokin turgan tuyg‘ularini alanga oldira boshladi. Humoyun bog‘da o‘zini qanday tutgani, shiyponda nimalar degani, ko‘shkka kirganda aytgan gaplari — hammasi Hamidaning xotirasiga minglab suratlardek naqshlanib qolgan edi. Endi qayerga bormasin, nima ish qilmasin, ana shu suratlarning goh unisi, goh bunisi ko‘z oldidan beixtiyor o‘tib turadi. Yigitning ehtirosli ovoz bilan, «dunyoda hech bir qizni men bunchalik intizor bo‘lib kutmagan edim», degan so‘zlari qulog‘iga qayta-qayta eshitiladi. Har eshitilganda qizning dilini yayratib, o‘zidan iftixor qiladigan darajadagi mamnuniyat bag‘ishlaydi, Hamida o‘zini eng toleyi baland bir qizdek sezadi. Lekin xatarli safarga ketgan filbon La’l Chand esiga tushganda va Humoyunning Bhak¬kardagi ishlari kun sayin chigallashib borayotganini eshitganda, «nechun Nizomning maktubini o‘rtaga soldim-u shuncha tashvish orttirdim?» deb o‘zidan norozi bo‘lardi. Ko‘ngli muncha nozik bo‘lmasa nima qilarkin? Rost, Nizom unutib bo‘lmaydigan yigit edi, Hamida hozir ham uning xotirasini behurmat qilib bosib o‘tolmasligini sezadi. Shu bir oy tezroq o‘ta qolsa ekan, deb kun sanaydi-yu, tashqi olamda bo‘layotgan va o‘zlarining taqdirlariga ta’sir  qiladigan voqealarga har qachongidan ham ortiq bir maroq va iztirob bilan quloq soladi.
Shershoh Panjobni olib, endi janubi g‘arb tomonlarga qo‘shin tortgani, uning lashkari hozir sakson mingdan ham oshib ketgani Hamida bonuga Hindol mirzoning qarorgohida bo‘layotgan gap-so‘zlardan ma’lum edi. Humoyunning esa bek-u navkarlaridan anchasi qochgan, yana bir qismi Komron mirzo tomoniga o‘tib ketgan, hozir Bhakkarda to‘rt mingga yaqin odami qolgan.
Humoyunning atrofidagi adovat halqasi siqilib kelayotganini, Bhakkardagi Samandar bog‘i orombaxsh bo‘lsa ham, lekin daryoning o‘rtasida joylashganligi uchun qurshovda qolishi osonligini Hamida bonu ham sezib xavotirlanardi. Shuning uchun Humoyun o‘z qarorgohini Bhakkardan janubroqqa — Pothur degan joyga ko‘chirganda Hamidalar ham Hindol mirzoning odamlari qatorida darhol o‘sha mavzega yo‘l oldilar. Yonidagi qum sahrosini quruq shabada esib turadigan, sug‘oriladigan yerlarida hurmolardan tashqari anorlar ham o‘sadigan bu xushhavo mavzeda Humoyun dalv* oyining oxirlarigacha turib qoldi. Hindol mirzo akasiga yaqin joyga chodir tikkan, Humoyunning balandlikda turgan xirgoh va borgohlari Hamidalarga yaxshi ko‘rinib turardi.
Filbon La’l Chand qaytishiga va’da qilgan bir oy tugab bormoqda. Kun sanab yurgan Hamida: «Filbon Bhakkarga kelsa biz yo‘qmiz, topolmay sarson bo‘lib yuribdimi?» deb iztirob chekadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:59:20
Biroq Pothur La’l Chand o‘tib keladigan Tar sahrosiga Bhakkardan ko‘ra yaqinroq edi. Bu yerda to‘rt ming odami bilan Humoyun kelib tushganligi atrof qishloqlarda allaqachon ovoza bo‘lgan. Ana shu ovozalarni yo‘lda kelayotib eshitgan La’l Chand Pothurni tez topdi. Humoyunning borgohi turgan balandlikka tomon filini qistab haydab o‘tayotganda Hamida bonu uni ko‘rib qoldi.
Oradan biror soat o‘tar-o‘tmas Humoyunning qarorgohidan Mohim bibi degan o‘ttiz yoshlardagi juvon Hamida bonuni yo‘qlab keldi. Bu juvonning eri Nadimbek Humoyun bilan bir onani emgan ko‘kaldosh, og‘a-inidek birga o‘sib eng yaqin mulo¬zimiga aylangan, Mohim bibi ham shu tufayli podshoga yaqin kelindek bo‘lib qolgan.
— Hazratim iltimos qildilar, hozir biznikiga borar ekansiz.
— Nechun siznikiga? — tushunmadi Hamida bonu.
— U kishining o‘zlari ham biznikiga kelmoqchilar.
Demak, Humoyun inisi Hindolning g‘ashlik qi¬lishini sezib, bu tomonlarga kelmagan.
Hamida onasidan Mohim bibilarnikiga birrov borib kelish uchun ruxsat oldi-da, Mohim bibi bilan yo‘lga tushdi. Har bir qadamida: «Nizom tirikmikin? Bu yog‘i endi nima bo‘larkin?» degan savollar xayolidan o‘tib turardi. Mohim bibilarning cho‘g‘day yasatilgan keng va yorug‘ shomiyonasi to‘rida Hu¬moyun uni kutib o‘tirgan ekan. Hamida bonu eshikda ko‘rinishi bilan o‘rnidan turdi.
— Qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin, Hamida bonu, bu yoqqa marhamat qiling! — deb, o‘ng tomoniga to‘shalgan zarbof ko‘rpachani ko‘rsatdi.
Hamida bonu tortinib Mohim bibiga o‘girilgan edi, u ham:
— O‘ting, o‘ting — deb, qizni o‘sha zarbof ko‘r¬pachaga o‘tkazdi-da, — men hozir! — deb, orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:59:31
Ikkovlari qolganda Humoyun Hamidaga to‘rt buklangan bir varaq qog‘ozni berdi:
— La’l Chand olib kelgan maktub. O‘zingiz bir o‘qing!
Hamida bonu oyoqlarini taqimi ostiga yig‘ib odob bilan o‘ltirgan kuyicha maktubni titroq qo‘llar bilan ochdi. Nizomning dastxatini taniganday bo‘ldi.
— Nahotki? — deb avval xatning tagidagi imzoga qaradi. «Nizom» degan imzoni ko‘rgach, — xayriyat, tirik ekan! — deb entikdi.
Humoyun ham yaqin bir kishisi tirilib kelganday quvonib gapirdi:
— Siz sabab bo‘ldingiz-u, haqiqatni bildik, Hamida bonu!
Hamida xatni sinchiklab o‘qiy boshladi:
«Unutilmas og‘am mirzo Humoyun!
O‘zingiz og‘ir kulfatlarni boshdan kechirib yurgan kunlaringizda meni yod etib maxsus odam yuborganingiz majruh dilimga malham bo‘ldi. Sizning maktubingizni ham, Hamida bonuning javobini ham yig‘lab o‘qidim. Toj-u taxt qanday balo ekanki, hammamizga shuncha baxtsizliklar keltirdi. minba’d men shohlik dargohlariga qadam bosmaslikka ahd qildim...»
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:59:42
Nizom Afzalbek degan mushrifga ish buyurganini, davlatni boshqarishda tajribasi yo‘q odamni saroydagi mal’unlar qanday aldab qo‘lga tushirganlarini, kechasi o‘rmonda uni ayovsiz pichoqlab, urib, o‘ldirgandan battar qilganlarini yozgan edi. Yo‘qolgan mollarini qidirib chiqqan bir dehqon ziyrak itlari yordamida qorong‘ida Nizomni behush yotgan joyidan topib oladi. Baquvvat yigit bo‘lgan Nizom hali jon bermagan ekan. Rahmdil dehqon uning yaralarini bog‘laydi, o‘g‘li yordamida uyiga olib borib, qo‘lidan kelganicha muolaja qiladi. Qishloq tabibi unga yordam beradi. Nizom goh hud, goh behud bo‘lib uzoq yotadi. Sal o‘ziga kelib tilga kirganda, «meni yashi¬ringlar, hech kimga aytmanglar» deydi. O‘sha g‘alamislar bilib qolsa yana kelishlaridan qo‘rqadi. Nizom otini ham yashiradi, ismini so‘raganlarga «Salim» deydi. Hozir turib yuradigan bo‘lgan Nizom shu kunlarda ota-onasi bilan Ajmirda ekan, o‘tirgan joyida savat to‘qib tirikchilik tebratar ekan. La’l Chand uni tabib akasi Bayju yordamida zo‘rg‘a to¬pibdi.
Humoyun filbon bilan yuborgan ming tanga oltin Nizomning og‘ir kuniga juda asqatadi. Dushmanlari o‘shanda uni nag‘alli poshnalari bilan tepib umurtqasiga zarar yetkazgan ekan. U haligacha hassaga suyanib yurar, Humoyundan kelgan pulning bir qismini ota-onasiga berib, qolganiga muolajani davom qildirmoqchi edi.
«O‘shanda shohlik g‘ururiga berilib qilgan xatolarimdan hali ham pushaymonmen, — deb davom etgan edi Nizom o‘z maktubini. — Hamida bonuga yozgan xatim juda pok va samimiy edi. Faqat nopok odamlar shu tufayli bonuning diliga ozor yetkazgan bo‘lsalar, men uzr so‘rayman. Yoshlik sho‘xliklarim uchun shunchalik qattiq jazolandim. Hamida bonu o‘z javoblarida menga «og‘a» deb murojaat qilibdirlar. Men ham Hamida bonuni qiyomatlik singlim deb bi¬lurmen. Ikkovlaringizga chin dilimdan baxt tilaymen.
Duoyi salom bilan qiyomatlik iningiz Nizom».
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 17:59:56
Hamida bonu xatni o‘qib bo‘lganda qarama-qarshi tuyg‘ular girdobida qoldi. Avval Nizomning tirik qolganidan quvongan bo‘lsa, sal o‘tgach, uning o‘rmonda qanday pichoqlangan va toptalganini ko‘z oldiga keltirib dahshatga tushdi. Aralash-quralash tuyg‘ular girdobini tig‘day yorib o‘tgan tuyg‘u — Nizomni shu ko‘yga solgan dushmanlarga qarshi intiqom istagi bo‘ldi-yu, Hamida bonu yoshli ko‘zlarini Humoyunga tikib, o‘pkasi to‘lib so‘radi:
— Hazratim, bu Afzalbek degan mushrif jazosini olmagaymi?
— Afzalbekni izlab topolmadik. Hozir Kobulda inimiz Komron uni o‘z qanoti ostiga olib yurgan emish.
— Said Xalil-chi?
— La’l Chandning aytishicha, Agrada uni Shershoh zindondan bo‘shatib, yana katta diniy lavozim beribdir. Bu dunyoda makkor-u uddaburonlarning oshig‘i doim olchi, Hamida bonu!
— Ilohim qilgan yomonliklari xudodan qaytsin! Ammo Nizomni... tutingan og‘am deb edim... Bu maktubini o‘qib uning ulug‘ qalbi oldida sajda qilgim keldi.
Hamida bonu Nizomning arzongina qog‘ozga yozilgan maktubini ochiq tutgan holda uning satrlarini e’zozlab ko‘ziga surdi-yu, Humoyunga ta’zim bilan qaytardi.
— Menga ham Nizom... qiyomatlik ini! — dedi Humoyun, so‘ng maktubni sekin qatlab, boshi ustiga, sallasi qatiga joyladi.
Ikkovlaridagi bu yakdillik, yaxshilikni bu darajada seva olish qobiliyati hamida bonuning Humoyunga bo‘lgan yashirin mehrini birdan alanga oldirib oshkor qilib qo‘ydi. Qiz uyat aralash ehtiros bilan shivirladi:
— Mardligingizga tan berdim... Endi ixtiyorim sizda!
... Ertasi kuni qizning ota-onasidan ham rozilik olindi. Hozirgi ahvol dabdabali to‘ylarga imkon bermas edi. Mavkab uchun osh tortildi, yosh-yalang¬larga shirinliklar ulashildi. Ammo chog‘ir majlisiga Humoyun ro‘yxushlik bermadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:00:07
So‘nggi paytlarda Humoyun may ichishni bas qilgan, bir cheti Nizomga borib taqaladigan halol-u pok tuyg‘ularga mayni aralashtirgisi kelmas edi. Bir oydan beri u ma’jun va afyun yeyishlarni ham to‘xtatgan edi. Pokiza va bokira qiz bilan qo‘shilishdan oldin yigit kishi o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida Humo¬yunga dono odamlar ilgari ko‘p gaplarni aytishgan, ammo u birinchi nikohlari paytida bu gaplarga e’tibor bermagan, may ham ichgan, afyun ham yegan edi. Hozir shuning hammasini eslab, «ehtimol, birinchi o‘g‘limning nochor tug‘ilganiga va uzoq umr ko‘rolmaganiga o‘zim ham aybdordurmen?» — degan o‘y ko‘ngliga keldi. Humoyun yigirma yasharligida, yana o‘g‘il kutib yurgan paytda rahmatli otasi bir kun u bilan yolg‘iz qolib sirdosh do‘stdek so‘zlashgan edi.
— Farzandni xudo bergay, o‘g‘lim, lekin tangrim uni ota-onaning mehr-u muhabbatidan yaratgay. Bu mehr qanchalik go‘zal bo‘lsa, bola ham shunchalik chiroyli tug‘ulgay. Nasling sog‘lom, baquvvat bo‘lsin desang, mast-alast paytingda zinhor haramga kirma. Suyak suradi, deydilar. ma’nosi shuki, ota-onadagi fazilatlar ham, nuqsonlar ham bolaga o‘tgay. Nuqs¬larim bolamga urmasin desang, umringning eng mas’ud, pok damlarida fazilatlaring barq urib, nuqsonlaringni bosib ketgan paytlarda visolga borgin.
Otasining shu gaplari hozir Humoyunga xuddi o‘z dilidan eshitilayotganday bo‘lardi. U besh-olti oydan beri urush-yurishlarga bormay, Samandar bog‘ida, daryo salqinida kuch yig‘di. Pothurga kelgandan beri u o‘zini qushday yengil sezadi. Bu yerga quruq qum barxanlarining havosi kelib turar, Humoyun vujudiga alohida bir kuchquvvat quyulib kelayotganini sezar, shu kunlarda sakrasa qo‘li yulduzga yetadiganday tuyulardi.
U Hamida bonuga atalgan muhabbatini mana shu mas’ud va yuksak bir yigitlik kuch-quvvatining qanotlari ustida olib yurishga ahd qilgan.
Keng ko‘kalamzorda kelin-kuyov uchun sakkizta maxsus chodir tikildi-yu, ularning atrofi ulkan saroparda bilan o‘rab olindi. Saodat uyi deb atalgan chodirda Humoyun bilan Hamida bonuga nikoh o‘qildi. Eng to‘rdagi xilvat chodir — murod uyi. Unga oltin bilan ziynatlangan kat qo‘yilgan, ikki kishilik to‘shak solingan. Parda ortida yolg‘iz sham yonib turibdi. Hamida bonu yupqa muslin* ko‘ylakda atirgul suvi sepilgan nafis shohi to‘shakka qo‘rqa-pisa kirdi. Yangalar unga birinchi kechalar qiyin bo‘lishini aytishgan. Nikohdan oldin ikkovi ham hammom qi¬lishgan. Humoyun qizni mayin va nafis harakatlar bilan silab erkalatar ekan, undan g‘unchani eslatuvchi bir hid kelayotganini sezdi. Belidan sekin quchib yonog‘idan o‘pdi-da, shivirladi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:00:59
— Hamida bonu, o‘xshatmasdan uchratmas deganlari rost ekan. Ikkovimizning ham ona tomondan buvilarimiz xurosonlik tojiklar bo‘lgan. Tojik tili bizning qonimizda turkiy til bila umrbod birga yashaydir.
— Rost!
— Shu sababdin bo‘lsa kerak, sizga atalgan ruboiy daf’atan fors-tojik tilida xayolimga keldi. Aytaymi?
— Ayting! — pichirladi qiz.

Dar dil havasi la’li tu doram — mastam,
Dar sari havas qaddi tu doram — pastam.
Sargashta dile ba tori zulfat bastam,
To dil ba tu basam, az g‘am vorastam*.

Forsiy tilni nozik tovlanishlarigacha yaxshi biladigan Hamida Humoyunning qaddiga qaddi payvasta kelib turgan paytda aytilgan bu sho‘x, serzavq she’rdan erib ketdi-yu, avvalgi qo‘rquvlarini unutdi. Humoyunning qulog‘iga dudog‘ini yaqin keltirib:
— Bu she’rning zavqidan men ham mastmen! — dedi.
 Kuchga to‘lgan zalvorli yigit uning zavqdan erib turgan paytidan foydalandi. Hamida bonu ihrab yubormaslik uchun tishini-tishiga qo‘ydi, olovli bir og‘riq ko‘zlaridan uchqun bo‘lib sochilib ketdi. Nazarida yer-u ko‘k zilzila paytidagidek tebrandi. Bu qancha vaqt davom etganini bilmaydi. Bir vaqt yelkasidan tog‘ qulab tushganday yengil tortdi. Yigit og‘ir-og‘ir nafas olib yonida yotardi. Odat bo‘yicha Humoyun erta turib, saropardadan chiqib ketishi, qiz kuni bo‘yi yangalar bilan qolib dam olishi, kuyov uning oldiga kechqurun qorong‘i tushganda qaytishi kerak edi. Humoyun Hamidadan bir lahzaga bo‘lsa ham ajragisi kelmadi-yu, ammo xizmat qilib yurganlardan uyaldi, tong qorong‘isida chiqib ketganicha uch-to‘rt soat davlat ishlari bilan shug‘ullandi, peshin namozidan so‘ng xirgohga kirib uxlab oldi.
Kunlar qisqa edi, hademay oftob ham botdi. G‘ira-shira qorong‘ilikda Humoyun saropardaga kirib kelar ekan, Hamida bonuni bir yil ko‘rmaganday sog‘inib qolganini sezdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:01:12
Ikkovi bir yostiqqa bosh qo‘yganda Humoyun undan pokiza bir is — ona sutini eslatuvchi hid kelganini sezar, bu gal er-xotinlik unga faqat lazzat emas, balki bo‘lajak farzand va bo‘lajak ona oldidagi muqaddas burch bo‘lib tuyulardi. Oradan kunlar o‘tib, ikkovi yangi hayotga o‘rgana boshlagan-da, ochilib gapla¬shadigan bo‘lishdi.
— Laxo‘rda men bir tush ko‘rganmen, — deb yurak sirini aytdi Humoyun, — boshdan oyoq yashil kiyim kiygan mo‘ysafid qo‘limga bitta hassa berdi. «O‘g‘il ko‘rsang otini Akbar qo‘ygin», dedi. «O‘zingiz kimsiz?» desam, otim Ahmadjon Zindafil dedi. Tush o‘ng kelsa-yu, zora shu o‘g‘il ikkimizniki bo‘lsa, Hamida...
— Men Agrada oq filni tush ko‘rgan edim. Endi bilsam... bu siz ekansiz!
Hamida bonu tushi o‘ngidan kelgani uchun o‘zini baxtiyor sezmoqda edi. Undagi baxt tuyg‘usi Humo¬yunga ham o‘tib, uni allanechuk ko‘tarib yubordi, yana she’r aytgisi kelib:
— Hamida, — dedi, — she’rdagiday «sen» deb so‘zlasam maylimi?
— Bajonidil!
— Bevafo charxning dastidan xonumonlar vayron bo‘ldi. Saroy-yu qasrlarda dilim bunchalik shod bo‘lmagan edi, Hamida! Yaxshi ko‘rgan yorining vasliga yetgan dil quvg‘inda, chaylada yashaganda ham shohona saroylarda yashagandagidan xurramroq bo‘la olar ekan. Sening bokira g‘unchang ochilishi bilan mening jon-u jahonim yangilanib ketdi*.
— Buning uchun men tangriga shukronalar ayturmen!
Humoyun ko‘tarinki she’riy ohangda davom etdi:
— Tangrim senga ikki narsani ato qilganki, ikkovi ham noyob. Biri — shunday surating borki, seni sevgan odam o‘zini baxtli sezgay. Yana bir — shunday siyrating borki, muhabbating o‘zingga ham baxt keltirgay. Men bu ikki narsani hanuzgacha bir joydan topa olmay yurgan edim.
— Nechun? Bu ikki narsa o‘zingizda ham bor-ku!
Hamidaning jo‘ngina qilib aytgan bu maqtovi Humoyunga shunday zavq berdiki, u qizni quchib, duch kelgan joyidan — nozik bo‘ynidan, kulgan lab-laridan, hatto sirg‘a taqilgan qulog‘idan ham o‘pa boshladi...

___________
* D a l v — 22-dekabrdan 22-yanvargacha.
* M u s l i n — eng nafis ipak mato.
* Tarjimasi: Dilimda la’lning havasi — mastmen.
        Havasim boshi qaddingga payvast — pastmen.
        Sargashta dilimni tori zulfingga bog‘ladim,
        Shundan beri g‘am-u g‘ussadan xalosmen.
* Humoyun bu gaplarini forsiy tilda g‘azal shaklida yozgan. Uning tur-kiy she’rlari hali topilganicha yo‘q. Patnada saqlanib qolgan forsiy de-vonida quyidagi satrlar bor:
     Har joki asosi johoni mo bunyod ast
     Az gardishi charxi bebaqo barbod ast.
     Az xonavu manzil dilu kasshod nashud
     Xurramiyi dil onki bo nigore shod ast.
     Shukr ollohki toza shud jonam
     Tog shukufta ast gunchayi tari tu.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:01:28
* * *

Chodir ichidagi bu mas’ud damlar uzoq davom etmadi. Oradan uch kun o‘tgach, tashqi olamning alg‘ov-dalg‘ovlari Humoyunni yana qurollanib otla-nishga va yovga qarshi qo‘shin tortishga majbur qildi. Bu galgi xavf orqa tomondan — shu vaqtgacha unga tobe Bhakkardan chiqqan edi. Humoyun Pothurga ketayotib, Bhakkar qal’asiga mirzo Yodgor Nosir degan qarindoshini besh yuz navkar bilan qo‘riqchi qilib kelgan edi. So‘nggi kunlarda Yodgor Nosirni shoh Husayn arg‘un o‘z tomoniga og‘dirish va Humoyunga qarshi qo‘zg‘atish harakatida ekanini xufiyalar ma’lum qildi. Humoyun ikki ming askar bilan darhol Pothurdan Bhakkarga yo‘l oldi.
Ammo u yetib borguncha Yodgor Nosir shoh Husaynga qal’a darvozalarini ochib beribdi. Daryo ichidagi qal’aning yo‘lini va ko‘prik atroflarini shoh Husaynning uch mingdan ortiq qo‘shini himoya qilib turibdi. Shoh Husayn murchal* ustiga o‘z odamini chiqartirib, qattiq-qattiq gapirtirdi:
— Mirzo Humoyun, behuda qon to‘kilmasin desangiz, Sind viloyatidan yaxshilikcha chiqib keting! Shoh Husayn janoblari sizga besh kun muhlat ber-dilar. Shu kunlar ichida tuz haqini saqlaydirlar*. siz hujum qilmasangiz sizga tegmaydirlar. Ammo qilich yalang‘ochlasangiz oqibati uchun o‘zingiz javobgar bo‘lursiz!
Daryo tomondan esib turgan shabada murchal ustidan aytilgan bu tahdidli so‘zlarni Humoyunning qulog‘iga baralla yetkazdi. U o‘z yonidagi jangovar amiri Turdibekka savol nazari bilan qaradi.
— Hindol mirzo ketib qolmaganda bu gaplarga quloq solmay hamla qilardik, — dedi Turdibek. — Lekin hozir odamimiz oz.
Humoyun inisi Hindolni og‘ir bir xo‘rsinish bilan esladi. U Hamida bonuni nikohiga olgandan keyin inisi bilan ikkovining orasiga yana so-vuqchilik tushdi. Hindol Qorachaxon degan amiri bilan Qandahorga ketaman deb turib olgach, Humoyun noiloj rozilik berdi. Inisi mingga yaqin bek-u navkarini o‘zi bilan olib ketayotganda Humoyunning odamlaridan ham anchasi unga ergashdi. Chunki yetti oydan beri sargardon bo‘lib quvg‘inda yurish ularning joniga tekkan, Sindda qimmatchilik boshlangan, don topish qiyin, nav¬kar¬lar Humoyun bergan maosh bilan tirikchilik tebratolmay qolgan edi. Qandahor tomonlarda don-dun arzon deb eshitgan bek-u navkarlardan mingga yaqini Hindol mirzo bilan ketdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:01:39
Humoyunning qo‘shini bir necha kun ichida ikki barobar kamayib ketganini shoh Husayn arg‘un bilar, shu vajdan ham oshkora tahdid qilmoqda edi. Humoyun:
— Endi bu itning og‘zidan suyak olib bo‘lmas, — dedi-yu, Bhakkardan umidini uzib, yana Pothurga qaytdi.
Kechqurun beklar bilan mashvarat qildi-yu, besh kunlik yo‘l bo‘lgan Joudhpurga roja Mal Devaning huzuriga otakaxon degan bekni qimmatbaho sovg‘alar bilan elchi qilib yubordi. Humoyun roja Mal Devaga yozgan maktubida Shershohga qarshi ittifoq tuzishni taklif qilgan va muvaqqat qarorgohi uchun Jaysimir yoki Bikanir degan qal’alardan birini so‘ragan edi. Elchi Rajastxon sahrosidan o‘tib, Joudhpurga borib kelguncha o‘ng kun o‘tdi. Bu orada Humoyun o‘z qarorgohini Pothurdan Jaysimir tomonga ko‘chirgan edi. Roja Mal Deva Humoyunning taklifini qabul qilgan, unga Bikanir qal’asini bermoqchi bo‘lgan, maqsadining jiddiyligini isbot qilish uchun Otaka¬xonga o‘z odamini qo‘shib, bir tuya zo‘rg‘a ko‘taradigan ashrafiy* tangalar va la’l bilan ziynatlangan sovut peshkash qilgan edi.
Humoyun Tar sahrosi orqali Mal Deva va’da qilgan bikanir tomonga yo‘l oldi.
Bu orada javzo oyi kirgan, hind issiqlari ustiga sahro jaziramasi qo‘shilib, yo‘l yurishni qiyinlashtirar edi. Hamida bonu oyog‘i qumga botib qiynaib bora¬yotgan otga goho boshi aylanganini sezib, egarni mahkam ushlab olardi. Ko‘ngli nuqul achchiq anorga sus ketardi. Humoyun buni undan kechasi chodirda yonma-yon yotganda eshitdi-yu, «Boshqorong‘i bo‘lmaganmikin?» deb o‘yladi.
Intihosiz qumtepalar orasida achchiq anor topish osonmi? Lekin Humoyun Qandahordan kelayotgan tuya karvonlariga odam yuborib yigirma dona shirin-turush anor toptirdi. Hamida uch-to‘rt kun shu anorlarning sharbatidan ichgach, bosh aylanishlari qoldi. Ilgarigi chavandozliklari qaytib kelib, otda bemalol yuradigan bo‘ldi.
Hindiston o‘zi issiq mamlakat, Tar sahrosi esa shu mamlakatning eng issiq joyi hisoblanadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:01:51
Javzo oyida Agra tomonlarda yomg‘ir fasli boshlangan bo‘lsa ham, Tar sahrosida osmon ochiq, hammayoq kuyib yotibdi. Qumtepalarning terskay to-monida saksovul va yantoqdan tashqari hindlar jahonu deb ataydigan yulg‘unsimon o‘simlik, pxoch nomli butalar to‘p-to‘p bo‘lib, yerga qapishib o‘sadi. Ular Bikanirga yetmaslaridan eng issiq saraton oyi ham kirdi.
Humoyun homilasi bor Hamida bonudan xavotirlanar, podshoga soyabon tutib yurishi kerak bo‘lgan Behbud cho‘pondorni ham begimga soyabon tutish uchun ajratgan edi. Nadim ko‘kaning xotini Mohim bibi, Shamsiddin qo‘rchining xotini Jajji bibi va yana qancha ayollar ham homilador edilar. Humoyun sahroda tanqis bo‘lgan suvni ham, yeguliklarni ham birinchi navbatda bo‘lajak onalarga berishni buyurgan, yo‘lda ularga hamma kerakli xizmatlarni qilib, asrab-avaylab borish Xo‘ja Muazzam boshliq yuzta eng so-diq odamlarga topshirilgan edi. Lekin ular ham nafasni qaytaradigan qum bo‘ronlarida, odamni jizg‘inak qilib kuydiradigan sahro oftobi ostida bechora ayollarga qanday yordam berishlarini bilmas edilar. Birdan bir umidlari — tezroq roja Mal Deva va’da qilgan Bikanirga yetib borish va uning soya-salqin daraxtzorlarida jon saqlash edi. Toqatlari toq bo‘lib «ertaga Bikanirga yetgaymiz» deb borayotgan paytla¬rida Joudhpur shahri tomondan tuya mingan salobatli bir mo‘ysafid chiqib keldi va Humoyunga zarur gapi borligini aytdi. Turdibek uni Humoyunning qarshisiga olib kelgan edi, mo‘ysafid tuyasini cho‘kkalatib yerga tushdi-da, otliq turgan Humoyunga ta’zim qilib yaqin keldi. Past tovush bilan:
— Hazratim, xoli qoling, zarur gapim bor, — dedi.— Men shayx Asadullomen, muxlisingiz, mulla Surx meni huzuringizga yubordi. Hayotingiz xavf ostida! Tezroq chora ko‘rmoq kerak!
Humoyun atrofidagilarga «ketaveringlar» ishorasini qildida, qumtepa ortida Asadullo bilan yolg‘iz qoldi. Shunda mo‘ysafid qo‘ynidan bitta xat olib unga berdi:
Mulla Surx kitobdordan.
«Hazratim, Sizdan ko‘rgan yaxshiliklarim haqqi roja Mal Devaning asl niyatini oshkor qilmoqchimen. Men hozir uning saroyida xizmatdamen. Shershohdan Mal Devaga maxfiy maktub kelganidan aniq xabarim bor. Roja Mal Deva Shershoh bilan yovlashishni istamaydir, bir ish qilib, uning ko‘nglini olish va o‘z hokimiyatini saqlab qolish harakatida. Shershoh Mal Devaga odam yuborib: «Agar Humoyunni tutib bersangiz, ko‘nglingizdagi ishni qilay, Alvarni ham, Nairni ham ixtiyoringizga beray», deb shart qo‘ygan. Mal Deva bu shartni qabul qilgan. Siz bilan ittifoq tuzgani makr-u hiyla, xolos. Zinhor Mal Devaning viloyatiga qadam bosmang. Agar u sizga yo‘l ko‘rsa¬tuvchilar yuborgan bo‘lsa, taftish qilib ko‘ring. Sizni tutib keltirish uchun maxfiy odamlar tayinlaganidan xabardormen.
Sizga e’tiqodim zo‘rligidan bu maktubni yozdim, ammo nechog‘lik xatarli ishga jazm qilganim o‘zingizga ma’lumdir, shu bois bu maktubni shayx Asadulloga qaytaring, toki yondirib tashlasin.
Muxlisingiz mulla Surx»
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:02:05
Humoyun xurosonlik tojiklardan bo‘lgan mulla Surxni yaxshi bilardi. Onasi Mohim begimga uning qarindoshligi bor edi. Naqd o‘limdan qutqargan sadoqatli mulla Surxga dil-dildan minnatdorchilik sezdi. Lekin endi qayoqqa borsin?!
Shayx Asadullo ta’zim bilan xatni qaytarib oldida, qo‘ynidan chaqmoq, pilta chiqardi. Issiq qumtepa oldida pilta tez yondi. Humoyun yonib kul bo‘layotgan maktub bilan birga roja Mal Devaga bo‘lgan ishonchidan va soya-salqin joylarga yetish umididan ham ajraldi.
— Bizga qilgan yaxshiligingiz xudodan qaytsin, janob Asadullo, endi shu xizmatni oxiriga yetkazing. roja Mal Deva bizga rohbin* qilib yuborgan josuslarni tutishga yordam bering.
— Ammo ular meni ko‘rmasligi kerak.
— Bo‘lmasa nomlarini ayting.
— Biri Jobir. Ikkinchisi rojputlardan. Oti esimda yo‘q.
Shayx Asadullo cho‘k tushib turgan tuyasiga mindi-yu, uni o‘rnidan turg‘azdi:
— Xayr, hazratim, xudo hofiz! — deganicha kelgan tomoniga qaytib ketdi.
Humoyun otini qistab haydab Turdibekka yetib oldi, uni chetga chaqirib, voqeani sekin aytib berdi. Turdibekning rang-quti o‘chdi-yu:
— Mal Deva yuborgan rohbinlarni hoziroq tuttirgaymen! — dedi va oldinga qarab ot choptirib ketdi.
Ayollar va ularni qo‘riqlab yurgan navkarlar orqaroqda edi. Turdibek ikkita rohbinni to‘rtta navkarga tuttirib Humoyunning oldiga olib kelgun-cha Hamida bonu va uning yonidagi otliq ayollar ham yaqinlashib qolishdi. Humoyun otda turib rohbinlarni so‘roq qilayotganda Jobir degani o‘zining josusligi fosh bo‘lganini, o‘limga hukm qilinishi aniqligini sezdi shekilli, ikki qo‘lidan beparvoroq ushlab turgan navkarlarni itarib tashladi-da, ulardan birining qilichini shart sug‘urdi. Ikkinchi josus ham to‘polondan foydalanib, qo‘riqchilardan birining xanjarini qinidan tortib olishga ulgurdi. Buni hech kim kutmagan edi. Esankirab qolgan qo‘riqchilar to hushlarini yig‘ishtirguncha qilich tutgan josus Humoyunga hamla qildi. Ot cho‘chib o‘zini orqaga tashladi, sermalgan qilich egarda o‘ltirgan Humoyunga tegmay, otning boshiga qarsillab urildi. Bu orada Humoyun ham qilichini sug‘urdi, ot gandiraklab ketdi, boshidan qon oqsa ham, to‘rt oyog‘ini to‘rt tomonga tirab, yana bir lahza yiqilmay turdi. Josus Humoyunga tashlanib, ikkinchi marta pastdan yuqoriga qilich ko‘targuncha Humoyun qisqa bir harakat bilan uning bilagiga balanddan turib tig‘ urdi. Bir-biriga qarab harakatlangan har ikki qo‘lning zarbasi bir joyga tushdi-yu, josusning bilagi panjasiga yaqin joyidan qilichga urildi va shartta kesilib qumga tushdi. Qilich bir yoqqa otildi, kesik panja qumda to‘nkarilib yotganda barmoqlar chayonning oyoqlariday qimirlay boshladi. Ot yiqilayotganda Humoyun oyoqlarini uzangidan chiqarib egardan qumga sakradi. Bu orada ikkinchi josus soqchilardan birini xanjar bilan urib yarador qilgan, lekin Turdibek uning o‘ziga qilich urib, boshini tanasidan uzib tashlagan edi. Panjasi qirqilgan birinchi josus og‘riqdan hushini yo‘qotgan paytda navkarlar unga ustma-ust qilich urib, tanasini burda-burda qilishdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:02:15
Bu qonli voqeaning guvohi bo‘lgan ayollardan biri qo‘rqib chinqirdi. Hamida bonu Humoyunning bir o‘limdan qolganini, uning qo‘lidagi qilichi qonga bo‘yalganini ko‘rdi-yu, ko‘zlarida dahshat qotib qolganday ancha vaqt karaxt bo‘lib turdi.
Humoyunga boshqa ot keltirdilar, u egarga mindida, Turdibekka buyurdi:
— Odamlarni orqaga qaytaring! Mal Deva mulkiga endi hech kim qadam bosmasin!
Kuni bo‘yi issiq sahroda yo‘l yurib holdan toygan odamlar endi manzilga yetay deganda yana orqaga qaytishga majbur bo‘ldilar. Namozshom paytida orqada kelayotgan qorovullardan biri otini yo‘rttirib Humoyunga yetib oldi:
— Hazratim, besh-olti yuz otliq askar bizni ta’qib qilib kelmoqda!
— Mal Devaning ilg‘ori bo‘lsami? — Tahlika ichida so‘radi Turdibek.
— Bu sahroda boshqa kim bizni ta’qib etishi mumkin? — dedi Humoyun. — Xo‘ja Muazzam, Shamsiddinbek, sizlar ayollar-u bolalar bilan oldinga o‘tinglar. Turdibek, Nadimbek, Ravshanbek, sizlar besh yuz navkar bilan yog‘iy ko‘ringan tomonda himoyada bo‘ling. Men o‘rtada har ikki tomondan boxabar bo‘lib borurmen. Yo‘lda davom etgaymiz.
— Qayga borurmiz, hazratim? Qorong‘ida yo‘l ko‘rinmasa! Rohbinimiz bo‘lmasa!
— Osmonda yulduzlar bork-u. Ana, Oltin Qoziq. Biz janubga yo‘l olg‘aymiz. umarqutga!
Orqada besh yuz navkar devorday saf bo‘lib himoyada kelmoqda edi. Qorong‘ida ularni ta’qib etayotganlarga Humoyun askarlari juda ko‘p ko‘rindi shekilli, hujum qilishga jur’at etishmadi. Tun yarimlaganda ta’qib etuvchilarning qorasi ko‘rinmay ham qoldi. Saharga yaqin to‘xtab, bir necha soat dam oldilar-da, Umarqut yo‘lini izlay boshladilar.
Umarqut rojasi Virsal Prasad Humoyunni uch oy oldin o‘z mulkiga taklif qilgan. Lekin yo‘li uzoqligi uchun Humoyun u yoqlarga bormagan edi. Mana endi issiqlar avjiga chiqqan saraton oyida Tar sahrosini boshdan oyoq kesib o‘tib, Umarqutga borishga majbur. Sahroda tuyalar va xachirlar chidamliroq, ammo otlar va piyoda borayotgan odamlarning anchasi jizg‘anak qum-tepalar orasida yiqilib halok bo‘ldi. Yo‘llarda uchragan ba’zi quduqlarning suvi qurib qolgan, boshqa suvli quduqlarga yetib borgunlaricha ikki-uch kunlab yo‘l yurishar edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 06 Dekabr 2009, 18:02:26
Humoyun o‘zi tashna qolganda ham Hamida va uning yonida borayotgan uchta homilador ayol uchun oxirgi meshda maxsus suv saqlatdi. Og‘iroyoq ayollar otda qiynalib ketganda ularni yovvoshroq tuyalar ustiga o‘rnatilgan soyabonli kajavalarga o‘tqazib olib bo¬rishdi. Odamlar juda holdan ketgan paytlarda suvli quduqlar, serdaraxt vohalar uchrab qolar. Humoyun chodir tikdirib, hammaga ikki-uch kun dam berdirar edi. Uning eng ko‘p xavotiri — Hamida bonuning bemavrid tug‘ib qo‘yishidan edi. Hisoblari bo‘yicha bola mezon oyida tug‘ilishi kerak. Orada asad, sumbula bor. Lekin ikki oy sahroda tortilgan azoblar bolani ne ko‘ylarga solganikin? Sog‘lom tug‘ilsa durust-a!
Umarqutga uch kunlik yo‘l qolganda Humoyun Turdibekni roja virsal Prasadga elchi qilib yubordi. Hali bu odam ham Mal Devaga o‘xshab aynib qolmagan bo‘lsin!

____________
* M u r ch a l — qal’a tashqarisidagi ko‘tarma, tepalik.
* T u z  h a q i n i  s a q l a sh — ilgari Humoyun xizmatida bo‘lgani va uning xonadonidan tuz ichgani nazarda tutiladi.
* A sh r a f i y — oltin pul.
* R o h b i n — yo‘l ko‘rsatuvchi, yo‘lni yaxshi biladigan odam.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:38:48
U M A R Q U T,  Q A N D A H O R
AKBAR VA YETTI ONA

Maydalab yog‘ayotgan iliq yomg‘ir sahro issiqlarida qaqrab ketgan tanlarga rohat berardi. Agra va Gujarat tomonlarda haftalab tinmaydigan yomg‘ir¬larning bir cheti yashil vohaga joylashgan Umarqutga ham yetib kelmoqda edi. G‘arbdagi Arab dengizi uncha uzoq emas, janubdagi Aravalli tog‘laridan oqib keladigan soylar Umarqut atroflarida tiniq ko‘llar paydo qilgan. Ularda o‘sgan oltinrang nilufarlarni jimir-jimir to‘lqinlar mayin tebratib turibdi. Shahar¬ning xurmozorlari, zaytunzorlari, kadxil deb ataladigan non daraxatlari yomg‘ir suviga qonib yashnab ket-gan.
Umarqut rojasi Virsal Prasadga Humoyunday ittifoqdosh juda kerak edi. Sind hokimi shoh Husayn arg‘un Prasadning keksa otasini o‘ldirgan, Jun daryosi bo‘yidagi yerlaridan anchasini tortib olgan edi. Humoyunni ham Bhakkardan quvgan shoh Husayn hozir ularning umumiy dushmaniga aylangan edi. Shuning uchun Virsal Prasad Humoyunni iliq qarshi oldi, Umarqut qal’asi ichidagi katta bir bog‘ni ikki qavatlik jimjimador ko‘shki bilan Humoyun va Hamida bonuning ixtiyoriga berdi.
Bog‘da anbuli degan hind xurmosi, baland sersoya mahvalar, mevasi shaftoli bilan norinjning ta’mini eslatadigan mango daraxti, hidi odamga g‘alati tetiklik beradigan josun va kanir gullari orasta qilib o‘sti¬rilgan edi.
Bog‘ egasi Virsal Prasad qirq yoshlarga kirgan, qop-qora mo‘ylovini uzun qilib, yonoqlariga burab o‘stirgan, yelkasi keng, bo‘ydor kishi edi. Ovozi ham yo‘g‘on, kuchli, faqat taajjubki, shunday polvontaxlit erkak bo‘yniga yirik-yirik marvarid donalaridan uzun marjon taqib olgan, qulog‘ida ham olmos sirg‘a yiltirar edi. Bu yerlarda hukmdor erkaklarning qimmatbaho taqinchoqlar taqishi joiz ekanini humoyun bilardi. U Rana Virsalga oltin, dur va la’l bilan ziynatlangan xanjarni kamari bilan taqdim qildi. Sovg‘adan mamnun bo‘lgan Virsal:
— Bu yerda siz hech narsadan xavotir olmang, — dedi. — Sherxon uch yuz mil narida. Orada Ajmir, Mevor, Jaudxir bor. Ammo roja Mal Deva ahmoqlik qilibdiki, Sherxonga yon bosib, sizni unga tutib ber¬moqchi bo‘libdi. Sherxon hali uning o‘zini tuttirib boshini kesdirgay.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:39:01
— Sherxon Rayzin* qal’asini ham olgan emishmi, maharoja?*
— Ololmas edi. Qal’a hokimi Puran Mal to‘rt oygacha Sherxonga darvozani ochdirmagan. Agar Puran Malni aldashmasa, Rayzin hali taslim bo‘lmas edi. Axir Gvalior qal’asini Sherxon ikki yil deganda zo‘rg‘a oldi-ku!
— Puran Malni kim aldabdir?
— Sherxon siz bilan yolg‘on sulh tuzgani kabi Puran Malga ham elchi yuborib, yarashishni taklif qilibdir. «Rayzin qal’asini topshirsang, senga Ganga bo‘yidagi Banorasni bergaymen, moli joning omon bo‘lur», deb avrab, axiyri ishontiribdir. Bechora Puran Mal qal’ani unga topshirib, xaylxonasi bilan tashqariga chiqqanda Sherxonning odamlari va’dani buzib hujum qilibdir. Puran Malning o‘zini o‘ldiribdi, ayollarini asir qilib, mol-mulkini talab ketibdir.
— Dunyo g‘alati ekan-da! — dedi Humoyun og‘ir tin olib. — Yomonlik qaytgay, deyishadi. Lekin ba’zi odamlar yomonlik qilganlari sari ishlari taraqqiy topgay. Sherxon ham yomonlik yoqadigan toifadan ekanmi? Roxtas qal’asini ham Krishna Royning yaxshiligiga yomonlik qilib egallagan edi. Hiyla-yu nayrang ishlatgan sari qudrati oshib bormoqda.
— E, hazrati oliylari, makr-u hiylaga asoslangan qudrat uzoq umr ko‘rmagay.
— Kim bilsin, maharoja? Sherxonning islohotlaridan raiyat mamnun emish. Uning aqliga, tadbirkor¬ligiga tan berganlar ko‘p. Kanaujdagi jangda Sherxonning harbiy jihatdan ustun kelganiga men ham tan berdim.
Rana Virsal Humoyunning bu achchiq haqiqatni qiynalib aytganini sezdi-yu, unga tasalli bergisi keldi.
— Sherxonning harbiy ustunligi hozir yana ham o‘sgan. Lekin harbiy ustunlik — pulga yollanadigan qo‘shin selday tez ko‘payib, yana selday tez tugashi mumkin. Ma’naviy ustunlik — har qanday sharoitda ham mard, tanti, insofli bo‘la olish qobiliyati. Bu ustunlik daryo suvi kabi buloqlardan, qor suvlaridan, irmoqlardan yig‘ilib, ko‘payadi. Ishonamenki, Sher¬xondagi selday muvaqqat ustunlikdan ko‘ra, sizdagi ma’naviy ustunlik daryoday uzoq umr ko‘rgusidir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:39:16
Rana Virsal fors tilini yaxshi bilar, lekin Humoyun uning hurmati uchun ko‘proq hindcha tilda gaplashar va mezbonning yaxshiliklarini qanday qilib qaytarishni o‘ylar edi.
Umarqutning janubida Gujarat, shimolida Sind va shimoli sharqda Rajastxon joylashgan. Atrofdagi bu viloyatlarning hammasiga nisbatan bir necha barobar kichik bo‘lgan Umarqut — o‘zicha bir mustaqil davlat, qo‘shini ham o‘ziga yarasha oz, Shoh Husayn arg‘un Jun daryosi bo‘yidagi Umarqutga qarashli joylarni bosib olib, o‘z mulkiga aylantirganiga bir yil bo‘ldi. Ammo bosib olingan qishloqlardagi rajputlar shoh Husayn qo‘yib ketgan zolim amaldorlardan bezor bo‘lgan, Rana Virsalga vakillar yuborib, Umar¬qutga qaytadan qo‘shilish istagini bildirishmoqda. Rananing o‘zi ham otameros yerlarni bosqinchilardan ozod qilish niyatida ikki mingdan ortiq qo‘shin to‘plagan.
Humoyun Rana Virsalning shoh Husaynga qarshi yurish qilish niyati borligini eshitdi-yu, «biz ham yordamga borsakmikan?» deb beklari bilan maslahat qildi.
Biroq Humoyunning mingga yaqin navkarlari sahrodan o‘tib kelguncha juda abgor bo‘lgan, ko‘pla¬rining ot-ulovi yo‘q, kiyimlari to‘zigan. Umarqutda yegulik narsalar arzon, bir rupiyga ikkita qo‘y berar, ammo ulov qimmat, yaxshi otni yuz rupiyga ham olish qiyin. Humoyun xazinasida qolgan oltinlarini chamalab ko‘rsa, muhtoj navkarlarga ot olib berish va maosh to‘lashga yetmaydi. Xufiyalar unga Turdibekda ikki sandiq oltin borligini aytishdi. «Sizning xizmatingizda yurib shuncha boylik orttirgan, siz uning oltinini musodara qilib, navkarlarga ulashishga haqlisiz», deganlar ham bo‘ldi.
Lekin Humoyun o‘ng besh yildan beri o‘z xizmatida yurgan Turdibek Turkistoniyga yomonlik qi¬lishni istamas edi. Turdibek dag‘alroq va mumsikroq bo‘lsa ham, shuncha yildan beri sadoqat saqlab kelar, Tar sahrosidan o‘tish azobini ham birga kechirgan edi. Shuning uchun Humoyun uni xirgohga chaqirib ikki yuz ming rupiy oltin qarz so‘radi.
Turdibek tezda javob bermay, ajin tushgan pesho¬nasini ishqadi, siyrakkina cho‘qqi soqolini ezg‘iladi.
— Hazratim, axir xazinangiz bor-ku.
— Xazinaga kon bitsinmi, bek. Agradan chiqqanimizdan beri daromad yo‘q. Nuqul sarfladik. Nav¬karlarga durustroq maosh to‘lashim kerak. Ot qimmat. Yaxshi kunlar kelsa qarzingizni ortig‘i bilan qaytargaymen.
— Ortig‘i bilan? Ya’ni, qancha ortig‘i bilan qaytarursiz?
Humoyun Turdibekni hazil qilyapti deb, ko‘zlariga qaradi, yo‘q, bekning qalin qovoqlari orasidan qarab turgan qo‘ng‘irtob ko‘zlari ham, siyrak mo‘ylovi tagida qimtilib turgan labi ham jiddiy edi.
— Xo‘p, o‘zingiz qancha ortig‘i bilan olishga rozisiz?
— O‘nga o‘ng ikki.
Humoyun ikki yuz ming rupiyni ikki yuz-u qirq ming qilib qaytarishini o‘ylaganda sudxo‘rlar esiga tushdi. Lekin hali u buncha pulni qaytaradigan bo‘lguncha bir yil o‘tadimi, besh yilmi — kim biladi? Turdibek ham ana shuni o‘ylab baland narx qo‘ygan edi.
— Nachora? Mayli, nasib qilsa o‘nni o‘n ikki qilib qaytargaymen...
Shu tarzda qarz olingan pulning yuz mingi Humoyun bilan sahro azobini boshdan kechirgan barcha odamlarga maosh tarzida ulashildi. O‘zlariga ot va harbiy anjomlar olgan bek-u navkarlar xotinlari va qizlariga taqinchoqlar ham sovg‘a qilishdi. Chunki Umarqutga Arab dengizi yaqin bo‘lgani uchun uning bozolarida dengizdan olingan durlar, sadaflar va marjonlar juda arzon edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:39:39
Mezon kirgach, yoz issiqlari tugab, havo ham juda latif bo‘lib qoldi. Odamlar damini olgach, Humoyun Rana Virsal bilan uchrashib:
— Ota yerlaringizni qaytib olishingizda biz sizga yordam bermoqchimiz, — dedi. — Barcha bek-u navkarlarimiz sizning qo‘shiningiz bilan birga yurish qilishga tayyor.
Rana Virsal Hamida bonuning og‘iroyoq ekanini bilar, xotinidan «mehmon begimning oy-kuni yaqin emish», deb eshitgan edi. Shuning uchun Virsal Humoyunning gapidan xiyol taajjubga tushib:
—Begimni... qoldirib ketgaymisiz? — dedi.
— Ha, yuzga yaqin odam begimning xizmatida bo‘lgay, maharoja, biz sizning oilangizga xuddi o‘z oilamizga ishongan kabi ishonurmiz.
bu gapdan ta’sirlangan Rana Virsal:
— Undoq bo‘lsa, men ham sizga o‘z qo‘shinimni ishonib topshirgaymen. Mening ikki ming rajput yigit¬larimga inim Sudxir Prasad boshliq. Siz esa ham o‘z askarlaringizga, ham bizning qo‘shinga bosh sarkarda bo‘ling.
— Ishonchingizdan minnatdormen, maharoja!
Shu qaror bo‘yicha harbiy yurishga jo‘nashdan oldin Humoyun Hamida bonu bilan bog‘da xayrlashdi. Bodom gullarini eslatadigan besh barglik xushbo‘y kanir gullari yonida Hamida ma’yuslanib ko‘ziga yosh oldi:
— Og‘ir paytda meni tashlab ketmoqdasiz...
— Men ota-bobolarimizdan qolgan udumga binoan ketmoqdamen, Hamida! Esingizda bordir, turkiy ulusda onaning oy-kuni yaqinlashsa ota biron yoqqa irim qilib ketmog‘i kerak. To chaqaloqning chillasi chiqmaguncha men uzoqroqda yursam sizga ham, bolaga ham yaxshilik tilagan bo‘lur ekanmen.
— bu udumni men ham olurmen. Lekin yana urush xavfi...
— Urush emas... Rana Virsalning ota yerlaridan bosqinchilarni quvmoqchimiz, xolos. Ora uzoq emas, chopar bir kunda borgay.
— Bo‘lmasa xabar yuborib turing.
— Xo‘p. Sizdan ham xushxabar kutgaymen!..
Humoyun va’dasiga amal qilib, uch kun o‘tgach, Turdibekni Umarqutga yubordi. U keltirgan xabarga binoan, Humoyun bilan Rana Virsalning birlashgan qo‘shini shoh Husayn arg‘unning Jun daryosi bo‘yiagi qo‘shinini yengib, yetmish mil nariga uloqtirib tashlabdi. O‘nlab qishloqlar istilochilar zulmidan qutilib, yana Umarqutga qayta qo‘shilibdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:39:55
Bu xushxabar butun shaharda katta shodiyonaga sabab bo‘ldi. Rana Virsal gulshodalar bilan bezatilgan filga minib Humoyunga minnatdorchilik aytish uchun Jun daryosi bo‘yiga ketdi. Uning xotini Umarqutdagi beva-bechoralarga xayr-u ehson ulashdi. Shaharning barcha ibodatxonalarida brahmanlar ulug‘ yazdon Shiva va rajputlarga homiy ma’buda Kali haykallari poyida sadaqalar qilishdi, muqaddas gurunchga saryog‘ qo‘shib tayyorlangan taomlarni, shirinliklarni qavmlarga yedirishdi.
Mana shunday shodiyonalar davom etayotgan kuni peshinda, Hamida bonuni to‘lg‘oq tuta boshladi. Humoyun uning ixtiyoriga tashlab ketgan odamlar orasida tajribali doya xotin ham bor. Bu ozoda, epchil, o‘rta yashar ayol Mohim bibining o‘tgan oyda tug‘ilgan va Adham deb ot qo‘yilgan o‘g‘liga, Jajji bibi¬ning Aziz deb atalgan o‘g‘liga doyalik qilgan, hamma uni «qo‘li yengil» deb maqtar edi.
Lekin Hamida bonuga kelganda bu doyaning epchilligi ish bermay qo‘ydi. Hamida bonu besh soat qiynaldi. Sababini keyin bilishsa, bola favqulodda yirik ekan. Doya esa boshqa yomon xayollarga borib vahi¬maga tushdi. Hamida bonu zo‘riqib ko‘zlari xonasidan otilib chiqquday bo‘lar, «yordam beringlar», deb zorlanar edi...
Kech kirib, qorong‘i tushdi. Sokin osmonda to‘lin oy ko‘rindi. Hamida bonu esa hamon qiynoqda. Maslahat so‘raylik deyishsa, Humoyun yo‘q. Hami¬daning onasi yordam so‘rab Rana Virsalning xotiniga bordi. O‘ttiz yoshlardagi bu go‘zal ayolning o‘zi ham to‘lg‘oq azobini boshdan kechirgan, emizikli qizchasi endi ikki oylik bo‘lgan edi. U o‘ziga doyalik qilgan ellik yashar chaqqon bir ayolni chaqirtirdi-yu, Hamida bonuning onasiga qo‘shib yubordi.
Tashqarida iztirob chekib o‘ltirgan Xo‘ja Muazzam:
— Musulmon podshosining farzandiga g‘ayridin doyalik qilsa gap-so‘z bo‘lg‘ay! — deb avval bu doya¬ni ichkariga kirgizmadi.
— Bularni ham xudo bizdek inson qilib yaratgan!— dedi qizning otasi Mirbobo Do‘st. — Hozir din-u millat ayiradigan payt emas, Hamida bilan bolaning hayoti xavf ostida.
Shu payt ichkaridan muslima doya sarosima bo‘lib chiqdi.
— Bo‘lmayapti, aylanay xo‘jam! Chappa kelmasin deb qo‘rqamen!
Shundan keyin Xo‘ja Muazzam ham yon berdi-yu, hind doyasiga:
— Marhamat, tezroq kiring! — dedi.
Yuvinib, toza kiyinib kelgan hind ayoli Hamida bonuga o‘ng tomondan yaqinlashdi-da, o‘z tilida qandaydir duoni pichirlab o‘qidi. Uning ozg‘in qoramtir qo‘llarida biron sehri bor ekanmi, besh-olti daqiqa uringandan keyin to‘satdan chaqaloq ingasi eshitildi.
Hamida bonuning yumuq ko‘zlari charaqlab ochildi. Nazarida, shift va devorlar lopillab yurib ketayotganday ko‘rindi. O‘zining tanasi esa parday yengil bo‘lib qoldi. Biroq bosh ko‘tarib bolaga qarashga majoli yo‘q. O‘g‘ilmi, qizmi? Doyalar shuni aytguncha o‘tgan bir lahza Hamida bonuga benihoya uzoq tuyuldi. Nahot qiz bo‘lsa? Shuning uchun aytgilari kelmayaptimi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:40:09
— O‘g‘il! — deya xitob qildi birinchi doya. — Muborak bo‘lsin, begim! Polvon o‘g‘il tug‘dingiz! Nechun bu qadar qiyin bo‘ldi desam, juda do‘lvor ekan!
— Bismillohir rahmonir rahim! — deb birinchi doya bolaning kindigini kesdi.
Ikkinchi doya esa:
— Kalimayiki jay!* — deb, chaqaloqning kesilgan kindigi uchini yaxshilab tugib qo‘ydi.
Hamida bonu goh o‘g‘liga intiq Humoyunning chappor urib quvonishini ko‘z oldiga keltirar, goh Jamna ustida Nizomning qayig‘ida qalqib suzib borayotgan bo‘lar, uning: «Muslim-u hindi hammasi bir inson, faqat brahman-u mullolar ularni bir-biridan ayirurlar», degan so‘zlari qulog‘iga qayta eshitilib ketar edi.
Inson hayotining eng mas’uliyatli damlarida kishilar o‘zlarining din-u millatini ham unutib bir-birlariga odamiylik qo‘lini cho‘zishini Hamida bonuga hozirgina doyalik qilgan ikki ayolning inoqligi aytib turardi.
Hamida sal o‘ziga kelganda ayvondan to‘lin oy¬ning nuri tushdi. Sutday oydin kechada naqoralar quvonch bilan taka-tum qilar, surnay navosi yangrar, Umarqut qal’asidagi mehmon-u mezbonlar yangi tug‘ilgan bola sharafiga xursandchilik qilishardi.
Turdibek Humoyundan suyunchi olish uchun sahar palla otlanib, Jun daryosi tomonga shoshildi. Umarqutda esa ikki kun davomida Humoyunning nomidan minglab odamlarga osh tortildi, shirinliklar ulashildi. Uchinchi kuni Humoyundan chopar keldi. Chillali ayol va bola oldiga faqat Mohim bibi bilan Aminat kirib chiqishar edi. Humoyunning maktubini olib kirgan Mohim bibi suyunib xabar berdi:
— Ismi Jaloliddin Akbar bo‘lsin, debdirlar! Sizga atab she’r bitibdirlar! Chopar aytib berdi, quvonganlaridan barcha navkarlarga mushk ulashibdirlar.
— Mushk? — taajjublanib so‘radi Hamida.
— Ha, o‘sha paytda barcha odamlarga ulashadigan boshqa mo‘lroq narsalari yo‘q ekan.
— Rost, xazinalari bo‘sh, Turdibekdan qarz olgan edilar...
Hamida bonu yostiqqa yonboshlab, Humoyunning maktubini ochdi.

«Men uchun bayramlar bayrami bukun,
Humoyun xurramlar xurrami bukun.
Dunyoning barcha davlat-u xazinalaridan ham a’loroq o‘g‘il in’om etgan suyukli yorim Hamida bonu! Avvalgi yillarda shuncha davronlar surib bukungidek suyunganimni bilmaymen. Ilohim Akbarning umri uzoq bo‘lsin, bekilgan yo‘llarimiz bari ochilsin, dildagi orzular istaganimizdan ham ziyoda bo‘lib ro‘yobga chiqsin!»
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:40:27
Hamida bonu bu tilakka qo‘shilib:
— Ilohi omin! — dedi-da, yuziga fotiha tortdi, maktubni esa o‘pib, ko‘zlariga surdi.
Ota-onalarini va boshqa o‘nlab odamlarni shunchalik quvontirib dunyoga kelgan chaqaloqning o‘zi allanarsadan norozidek g‘ashlik qilib ko‘p yig‘lardi. Hamida bonu bolasini bag‘riga olib emizgandan so‘ng Akbar bir soat-yarim soat jim yotar, keyin yana inga-ingani boshlar edi. Ona-bolaga girdikapalak bo‘lib xizmat qiladigan kanizak Aminat, «yo‘rgagida qattiq botadigan narsa bormikan?» deb ochib ko‘rdi. Yo‘rgak juda mayin, bekami ko‘st edi. Aminat Hamida bonuga qarab:
— Bolangiz juda gavdali, sutingiz yetmayaptimikin? — dedi.
Shu gapning ustiga kelib qolgan Mohim bibi:
— Mening sutim ko‘p, — dedi. — Hazrat begim, agar ruxsat bersangiz men o‘g‘lingizni emizib ko‘ray.
Hamida bonu og‘il tuqqandan beri go‘yo birdan martabasi oshgan, endi unga «hazrat begim» deb murojaat qiluvchilar ko‘paygan edi. Bu narsa Hamida bonuning kulgusini keltirar, hozir ham u Mohim bibiga kulib boqdi-da:
— Ruxsat emas, iltimos sizdan, Mohim! — dedi.
Mohim ozodalikni yaxshi ko‘rar edi. O‘z xonasiga chiqib, siynasini sovunlab yuvdi. Hamida begim oq kiyinib yotgani uchun chaqaloq boshqa onadan begonasirashi mumkin edi. Shuning uchun Mohim bibi ham oq shohi ko‘ylagini o‘tlig‘* bilan dazmollab kiydi. Boshidagi ro‘molini ham dazmoldan chiqarib o‘radi, og‘ziga iyagi aralash toza oq lachak tutdi. Bu tayyorgarliklardan keyin go‘dak yana ingalab yig‘lay boshlaganda uni sekin bag‘riga olib siynasini berdi.
Ajabki, chaqaloq begonasiramay Mohimni uzoq emdi va ikki soatcha miq etmay tinch yotdi. Uning ochiqib yig‘lagani, Hamida bonu sahroda ko‘p qiyna¬lib ozib qolgani uchunmi yo boshqa sababdanmi, suti bolasiga ozlik qilayotgani endi aniq bilindi.
Shu kundan boshlab Mohim bibi «enaga» degan unvon oldi. Shahzodaga enaga bo‘lish saroyda juda sharafli martaba hisoblanardi. Mohimning bir oylik chaqalog‘i Adham bugundan boshlab Akbarning ko‘kaldoshiga aylandi. Bir onani emgan ko‘kaldoshlar esa tutingan og‘a-ini sifatida goho umr bo‘yi podsho va shahzodalarning yaqin kishilariga aylanadilar. Shu¬ning uchun saroyda Hamida begimga sinashta bo‘lgan boshqa emizikli onalardan yana bir nechasi Mohim bibidek enaga bo‘lish istagini bildirdilar. Bulardan biri Shamsiddin Muhammad degan afg‘on yigitining xotini, yaqinda o‘g‘il tuqqan Jajji bibi edi. Bu ayol nomiga yarasha mo‘jazgina, xushbichim, jajji juvon edi, nomini qisqartirib «Jiji» deyishardi.
Mohim bibining o‘z chaqalog‘i Adham ham xo‘ra, ikki bolaga suti yetmaydi, shuning uchun Hamida begim ora-orada o‘z o‘g‘lini Jajji bibining emizishiga ham ruxsat berdi. U bosh enaga qilib Mohim bibini tayinladi. Avvalgi ozodalik udumiga binoan, Mohim enaga Jajji bibiga ham xuddi o‘zidek dazmollangan oq shohi ko‘ylak kiydirib, og‘ziga oq ipak lachak tuttirdi va bolaning oldiga pokiza qilib kiritdi.
Chaqaloq bu onani ham begonasiramay emdi. Uning inga-ingasi yanada kamayib ketdi. O‘g‘lining ishtahasi ham polvonlarcha ekanini sezib dadillangan Hamida begim kunlar o‘tishi bilan yana yangi enagalar toptirdi. Bulardan biri Nuriddinbek ko‘kaldoshning xotini Hakima, yana biri badaxshonlik tojik ayol Poyanda bibi bo‘ldi. Mohim bibi bularning har birini oq shohiga kiyintirib, ozoda qilib go‘dakning oldiga olib kirar, bola g‘ashlik qilmay ularni ham o‘z onasiday emar edi. Buni eshitgan buvisi yumshoq tumorcha ichiga yomon ko‘zdan asraydigan duolarni yozdi¬rib, ko‘zmunchoq bilan qo‘shib tikdi-da, Hamidaga olib kirib berdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:40:41
— Bolangga taqib qo‘y, hamma yoqasini ushlab, hayron bo‘lib maqtaydi, ilohim ko‘z tegmasin! — dedi.
Oradan yigirma kun o‘tdi, enagalardan biri tumov¬lab yotib qoldi, birining bolasi ichketar bo‘ldi. Mohim bibi bolasi yoki o‘zi sal xastalangan enagani Akbarga yaqin keltirmas edi. Yana enaga kerak bo‘layotganini eshitgan mezbonlar Ruparani degan emizikli bolasi bor yoshgina hind juvonini Hamida bonuning huzuriga yubordilar.
Humoyun ayollar va bolalarga Xo‘ja Muazzamni javobgar eshik og‘a qilib tayinlab ketgan edi. Xo‘ja o‘zi Hamidaning oldiga kirolmasa ham Mohim bibini vositachi qilib bir talay xavotirli gap aytdi:
— Begim oxirini o‘ylasinlar, xudo xohlasa, Akbar ulg‘ayib valiahd bo‘lg‘ay. Keyin ruhoniylar: «Majusiy onani emgan bola musulmon podshosiga valiahd bo‘lolmag‘ay», deb monelik qilishlari mumkin. Hazratimdan beruxsat hindlardan enaga olmanglar! Baloga qolmaylik yana!
Bu gaplarni Mohim bibidan eshitgan Hamida bonu:
— Tog‘amga chiqib ayting, mezbonlarning dargohida yegan non-u tuzlarining hurmatini unutmasinlar,— dedi. Shoh Husayndek musulmon amiri bizni quvg‘in qilganda Rana Virsal joy berdi. Rana din-u millat ayirmadi, biz nechun ayiraylik? Hazratim enagalar ixtiyorini menga berganlar, «Akbar — bani bashar farzandi bo‘lsin», deb tilak bildirganlar. Xo‘ja tag‘oyim bu ishga ko‘p aralashmasinlar, mezbonlar¬ning xotiriga malol keladigan biron gap aytmasinlar.
Xo‘ja Muazzam bu javoblarni Mohimdan eshitgach:
— Nachora, jiyanimiz malika bo‘lgach, so‘zlarini rad qilolmagaymiz, — dedi.
O‘sha kuni kechqurun hind juvoni Ruparani enagalarning oq shohi kiyimini kiyib, bir oylik Akbarni bag‘riga olganda Xo‘ja Muazzam tashqi xonada chaqaloqning chirqirab yig‘lashini kutib o‘ltirdi. «Bola ziyrak bo‘lur, agar g‘ayridinni emgisi kelmay yig‘lasa darhol ichkariga odam kiritib, go‘dakni tortib oldirgaymen», degan o‘yda edi. Lekin istarasi issiq Ruparanidan ona sutining hidi kelib turar, bola unga elikib, yig‘lash o‘rniga beixtiyor jilmayib qo‘yar, chaqaloqning tili va tishsiz milki ko‘rinib ketganda enaga* ham undan zavq olib kulardi.
Umarqutga onalar va ko‘kaldoshlar shunday totuv yashayotgan farahli kunlarda yetmish mil naridagi Jun daryosi bo‘yida Humoyun bilan shoh Husayn arg‘un orasidagi qonli adovat kuchayib borar va buning xabari Hamida bonuga kelib turar edi. Shoh Husayn daryo bo‘yidagi munozarali yerlarni qaytarib olish maqsadida shimoldan sakkiz ming kishilik qo‘shin tortib kelgan, Rana Virsal buni eshitib, Jun yaqinida yashaydigan hind qabilalardan yana yetti ming navkar yollagan va hammasini Humoyunning ixtiyoriga bergan edi. Daryoning janub qirg‘og‘ida — bular, narigi qirg‘og‘ida dushmanlar hal qiluvchi jang uchun qulay payt poylab turar edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:40:55
Humoyun bu vaziyatda qo‘shinni tashlab Umar¬qut¬ga kela olmas, Hamida bonuni sog‘inganini, Akbar deb atagan o‘g‘lini haligacha ko‘rolmay dog‘da yurganini aytib, yurakni ezuvchi xatlar yozar edi.
Bolaning chillasi chiqqach, Hamida Humoyunga javob xati yozdi:
«Siz kelolmasangiz ijozat bering, hazratim, biz o‘zimiz boraylik».
Oradan uch kun o‘tgach, Shamsiddin qo‘rchibegi yuztacha navkar, bir necha yuz ot-u tuyalar, soyabon aravalar bilan keldi-da, Hamida bonuni va Akbarni enaga-yu ko‘kaldoshlari bilan Umarqutdan ko‘chirib olib ketdi.

____________
* R a y z i n — Dehlidan 350 milcha janubdagi Malva viloyatiga qarashli qal’a.
* M a h a r o j a — ulug‘ roja degani.
* Ma’buda Kaliga sharaflar!
* O‘tlig‘ — keyinchalik «utyug» bo‘lib o‘zgargan. Alisher Navoiy asarlarida o‘tlig‘ bilan dazmol urilishi aytilgan.
* Hind ayoli Ruparani va Akbarga enagalik qilgan boshqa onalarning nomlari Abulfazlning «Akbarnoma»sida keltirilgan. Akbar ulg‘ayganda o‘z enagalari va ko‘kaldoshlariga katta hurmat bilan qaragani ko‘pchilik tari¬xiy manbalarda qayd etilgan. Turkiycha «enaga», «ko‘ka» so‘zlari shu tarzda hindi, ingliz, fors, urdu tillariga ham kirgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:41:09
* * *

Jun daryosidan suv ichadigan yerlarda xurmozor va mangozorlardan tashqari paxta paykallari ham ko‘zga tashlanar, kech kuzda terimlar tugab, dehqonlar o‘tin uchun g‘o‘zapoya chopishar edi.
Humoyun Hamida bonuga peshvoz chiqib, uni Jun daryosidan yetti mil berida ulkan mahva daraxtlari soya solib turgan bekatda kutib oldi. Yo‘rgakdagi Akbarni qo‘liga olib peshonasidan o‘par ekan, bola¬ning tilla suvi yugurtirilgandek qizg‘ish sochi va mayin qosh mo‘ylari, yuz bichimidagi yana qandaydir belgilari unga ko‘pdan tanishdek tuyuldi, birdan rahmatli otasi esiga tushdi-yu, quvonchiga yana boshqa tuyg‘ular aralashib, ko‘ziga yosh keldi.
— Umri uzoq bo‘lsin, onasi ham ko‘p yashasin! — dedi.
Odamlar oldida Hamida bonuni quchib o‘pishdan tortinsa ham, lekin ko‘zlari bilan uni erkalab bir lahza tikilib turdi:
— Hazrat begim, men sizdan toabad minnatdormen!
Dushman qo‘shinlaridan yigirma milcha berida daryo bo‘yida chiroyli bir bog‘ ona-bola uchun orasta qilib qo‘yilgan edi. Daryo suvining bir qismi bog‘ ichidan oqib o‘tar ekan, oynaday tiniq, ko‘lchalar hosil qilgan. Shuning uchun bu yerga «Oynabog‘» deb nom berilgan edi.
Atrofi tiniq ko‘l bilan o‘ralgan va ular ustidan chiroyli ko‘priklar o‘tkazilgan, ko‘kalamzor orolsimon joyga ulkan saroparda tikilgan edi. Humoyun Hamida bonuni saroparda ichiga boshlab kirar ekan, enagalar va chaqaloqlar uchun ajratilgan chetki chodirlarni ko‘rsatdi. Saropardaning boshqa chetidagi uchta cho¬dir Hamida bonu va Humoyun uchun jihozlangan edi. Pothurda Hamida bonu kelinchaklik paytida «murod uyi» deb atalgan pushtirang movut chodir hozir ko‘ziga olovday issiq ko‘rindi. Hamidaning ilgarigi chiroyiga hozir mayin va ulug‘vor bir onalik husni ham qo‘shilgan, yuzidagi latofat, ko‘zlaridagi joziba nihoyatda tiniqlashgan. Humoyun Akbarni emizgan yetti onani Saodat uyi deb atalgan chodirga yig‘di-da, Hamida bonuga gavhar ko‘zli uzuk taqdi. Enaga¬larning har biri marvarid shodalari, bosh-oyoq sarupolar bilan taqdirlandi.
— O‘g‘limiz yetti onaga farzand bo‘libdir, — dedi Humoyun. — Inshoollo, o‘zi ham yetuk bo‘lgay! Akbarning enagalaridan biri hind, biri tojik, biri afg‘on, biri fors, qolganlari turkiy ulusdan. Men Hamida bonudan minnatdormenki, asli bitta Odam Ato va Momo Havodan tarqagan turli ellarning onalarini bir olijanob maqsad atrofiga to‘plabdir. Buning juda ulkan ramziy ma’nosi bor. Tilagim shuki, o‘g‘limiz Akbar shu onalar bergan oq sutning qarzini ularning ellariga-yu butun bashariyatga uzsin!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:41:23
Kechki payt Hamida bonu bilan Humoyun murod uyida yolg‘iz qoldilar. Odatdagi o‘pishishlar va erkalatishlardan Humoyun o‘zini baxtiyor sezardi-yu, ammo ko‘nglining bir chetidan «bu baxt juda omonat, hushyor bo‘l, senga qarshi qilich qayragan g‘animlar atrofingni o‘rab kelmoqdalar», degan ogohlantirish eshitilib turganday bo‘lardi.
Gap faqat Jun daryosining narigi qirg‘og‘ida unga tahdid solib turgan shoh Husaynda emas edi. Yuz mil narida shoh Husayndan yirikroq va xatarliroq yov — roja Mal Deva Humoyunni qo‘lga tushirish va Sherxonga topshirish fikrida yurardi. Sherxonning o‘zi esa shimolda Panjobni, sharqda Ajmirni, janubda Malvani ishg‘ol qilib, Humoyunning bu uch tomonga boradigan barcha yo‘llarini bekitgan va uning atrofidagi halqani tobora qisib kelmoqda edi. Ganga bo‘yida bir marta g‘aflatda qolib Beka begimni va qizchasi Aqiqani oldirib qo‘ygan Humoyun endi Akbar bilan Hamidani bunday balolardan omon saqlash haqida tun-u kun o‘y surardi.
Uning odatdagidan o‘ychanroq bo‘lib qolganini sezgan Hamida bonu:
— Biz Akbar bilan ne qilsak sizning mushkulingiz oson bo‘lg‘ay, hazratim? — deb so‘radi.
— Uzoq yo‘lga chidab bersalaring, ikkovlaringni bexatar joylarga olib ketsam... ko‘nglim sal tinchir¬midi?
— Uzoq yo‘lingiz qayer — Gujaratmi?
Humoyun og‘ir tin olib bosh chayqadi — hozir u Gujaratdan ham umidini uzgan. Chunki Sherxon Malvani olib, sakson ming qo‘shin bilan Gujarat chegarasiga yaqinlashgach, Humoyunning u yerdagi xayrixohlari tahlikaga tushib qolgan edi. Ular Hu¬moyunga yon bosib, keyin Sherxonning g‘azabiga uchrashdan qo‘rqishar edi. Bayramxon Humoyunga chopar yuborib: «Zinhor Gujaratga kelmang, men o‘zim huzuringizga borib jon saqlamasam, bu yerda yana asoratga tushib qoladiganga o‘xshaymen», deb xat yozgan edi. Humoyun uni birga olib kelish uchun Xadang eshik og‘ani va filbon La’l Chandni jo‘natganiga ikki kun bo‘ldi.
— Bayramxon kelsa, Kobulgami yoki Qanda¬hor¬gami ketishdan boshqa chora yo‘q, — deb Humo¬yun Hamida bonuga ma’yus termuldi.
— Nahotki Hindistonni butunlay tark etsak? — armon to‘la tovush bilan so‘radi Hamida bonu. — Kechagina hind ayoli Ruparani Akbarni bag‘riga olib siynasini berganda mening dilimda qancha yorug‘ orzular bor edi. Zora, butun Hindiston shu ona timsolida Akbarni o‘z farzandidek bag‘riga olsa. Zora, o‘g‘limiz ham shu ulug‘ mamlakatga chin farzandlik xizmatini qilsa. Nahotki bu orzular bari puch chiqsa, hazratim?
— Noumid shayton, Hamida bonu! Shoyadki, bu orzularingiz kelajakda ro‘yobga chiqsa. Lekin Akbar o‘sha kelajakka eson-omon yetib borishi uchun uni bexatar joylarga olib ketmog‘imiz kerak.
Hamida bonu Kobuldagi Komron mirzoni va Qandahordagi Hindol mirzoni ko‘z oldiga keltirdi-yu, ularning yoniga borishdan yuragi bezilladi.
— Mening Hinddan hech ketkim yo‘q.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:41:45
— Mening ketkim bor deysizmi, Hamida? Hindiston et bo‘lsa, biz unda tirnoqdek o‘sdik. Tirnoqni etdan ajratib ko‘ring, og‘rig‘iga chiday olmaysiz! Men ikki yildan beri Hinddan ketolmay sargadon bo‘lib yurganim — tirnoqni etdan ajratib ololmayotganimdan. Bo‘lmasa bultur Bhakkardan Ko¬bulga yo Qandahorga ketaylik deganlar ko‘p edi. Hozir ham, agar siz bilan Akbardan xavotir olmasam, shu yerlarda tavakkal qilib, shoh Husaynlar bilan olishib yuraverishim mumkin. Lekin vaziyat yomon, qavat-qavat g‘animlar halqasi atrofimizni o‘rab kelmoqda.
— Men-ku, otliq yurib chiniqqanmen. Yoz issiqlarida ham ketavergaymen. Lekin Akbar hali ikki oylik chaqaloq. Yana o‘sha jazirama sahrodan o‘tadigan bo‘lsak, murg‘ak bola bardosh berolmagay.
Panjob Sherxonning qo‘lida, Humoyun shimoldagi Kobulga yoki Qandahorga ketish uchun yana ulkan Tar sahrosi orqali o‘tishga majbur.
— bo‘lmasa, yoz o‘tguncha uch-to‘rt oy tavakkal qilib shu yerda qolurmiz, — dedi u, — Sherxon yaqin oylarda bu tomonlarga qadam bosolmas. Akbar sal kuchga kirguncha siz shu Oynaboqda bemalol turing.
— Siz-chi?
— Men qo‘shin ichida — qarorgohda bo‘lurmen. Ilgari davlat-u mamlakatimni yog‘iydan himoya qilar edim. Endi mening eng katta davlatim — Akbar bilan siz. Bir o‘g‘il-u yetti onani mamlakatim kabi himoya qilg‘aymen!
Humoyun sahar payti qirq mil naridagi qo‘shin qarorgohiga ketganicha uzoq vaqt qaytib kelolmadi. Faqat ahyon-ahyonda: «Shoh Husayn bilan qattiq jang bo‘libdi», «Ravshanbek yaralanibdi», «Xadang eshik og‘a halok bo‘libdi», «Turdibek roja Virsal bilan urishib arazlashib qolibdi», degan xabarlar kelib turardi. Humoyundan kelgan xatlar ham ahvol tobora murakkablashayotganidan, agar Bayramxon Guja¬ratdan kelib, uning yoniga kirmaganda dushman Oynaboqqa ham bostirib kelishi mumkinligidan dalolat berardi. Nihoyat, Akbar to‘qqiz oylik bo‘lganda Humoyun o‘zi oynaboqqa keldi-yu, ko‘ch yig‘ishtirish haqida buyruq berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:41:59
* * *

Humoyun oilasi va mingtacha odamlari bilan Sind daryosida uch kun suzdi, Qandahorga boradigan karvon yo‘liga yetganda yuklarni kemalardan qirg‘oqqa tushirtirdi va tuyalar bilan xachirlarga orttirdi. Hind¬dan uzoqlashib, shimolga qarab borar ekanlar, o‘ng oylik Akbar soyabonli kajavaga mahkamlangan belanchakda nortuyaning bo‘yniga osilgan qo‘ng‘iroqning bir maromda jaranglashiga quloq solib yotib uxlashga o‘rgandi.
Tog‘u cho‘llardan va yashil vohalardan o‘tib, xushhavo joylarda besh-o‘n kun to‘xtab, Qandahor viloya¬tiga yaqinlashganlari sari chinorlar, teraklar, sanobar daraxtlari tez-tez uchrardi. Bozor rastalarida xurmo bilan birga uzum, nok, naqsh olmalar ko‘zga tashlanardi. Bu yil sovuq erta tushgan, ko‘p daraxtlar aqrabning boshlaridayoq bargini to‘kkan, bog‘lardagi anjir va anorlarni qor-qirovlardan asrab, uyum-uyum tunroq tagiga ko‘mishgan edi.
Hindiston issiqlarida yengil kiyinib, ochiq-sochiq yurib o‘rgangan odamlar qishi qattiq bo‘ladigan Qandahor yo‘lida erta tushgan sovuqlardan juda qiynalib qolishdi. Humoyun jubba deb ataladigan avralik po‘stinini yelkasiga oldi. Hamida bonu paxtalik kimxob to‘n, jun ro‘mol va mahsi kavush kiydi. Akbarning beshigi ustiga tuya junidan to‘qilgan qalin saqorlot govrapo‘sh yopilgan bo‘lsa ham, bolani emizgan paytlarida shamollab qoldi, burni bitib, pixillab, ko‘p yig‘laydigan odat chiqardi.
Qandahorga yarim kunlik yo‘l qolganda Sari¬mas¬tung degan qishloqda to‘xtadilar. Ko‘pchilik bek-u navkarlar odatdagiday o‘tov va chodirlar tikishib, qishloq chetiga joylashdilar. Humoyunning o‘zi va bolalik ayollar qishloq kalontarining* ichki-tashqi hovlisiga tushdilar.
Uylar iliq, manqal deb ataladigan sandaliga bozillagan cho‘g‘ soldilar. Erkaklar o‘ltirgan tashqi uy mehmonxonasiga quyuq-suyuq ovqatlar tortildi. Uy egasi — mosh-guruch soqolli ozg‘in afg‘on dasturxonga omin qilingandan so‘ng dari* tilida:
— Hazratim, xoli qiling, sizga aytadigan gapim bor,— dedi.
Xonada Bayramxon bilan Turdibek bor edi, Humoyun ularga javob berdi. Shundan keyin kalontar ovozini pasaytirib:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:42:20
— Sizdek oliy mehmon mening kulbamga kelib tushganidan faqat sarfaroz bo‘lmog‘im mumkin edi,— dedi. — Ammo hozir sizning boshingiz ustiga to‘planayotgan xavf-xatarni o‘ylab bezovta bo‘lmoqdamen.
— Yana qanday tahlika, janob kalontar?
— Siz Qandahorga iningiz Hindol mirzodan panoh istab bormoqdasiz, shundoqmi?
— Taxminan shundoq.
— Ammo Hindol mirzo bundan bir hafta oldin Qandahor hokimligidan bekor qilinganini bilurmisiz?
— Yo‘g‘-e! Siz buni kimdan eshitdingiz?
— Men kecha Qandahorda edim. O‘g‘lim Mirzo Askariyning dargohida sipohi. Komron mirzoning o‘zi ham Qandahorga kelganidan xabaringiz bordir?
Humoyun buni ammasi Xonzoda begimning uch hafta burun yozib yuborgan xatidan bilgan edi. Yo‘lda ekanida qayta-qayta o‘qigan o‘sha maktubi hozir so‘zma-so‘z xotiridan o‘tdi:
«Humoyunjon, men sizni jonimdan aziz ko‘rib, iltimosingiz bilan Kobuldan Qandahorga bordim. Har uchala iningizni bir joyga yig‘ib, hazrat otangizning vasiyatlarini eslatdim, kitoblarini ochib ko‘rsatdim. Sizni valiahd tayinlaganlarida, «olti hissa Humoyunga bo‘lsa, besh hissa Komronga bo‘lsin, hamisha bu qoidani mar’iy* tutib, mundin tajovuz qilmanglar», deb yozganlarini o‘qib berdim. Siz otangizning bu vasiyatiga doim amal qilganingizni, Agradaligingizda Komronga Kobul-u G‘aznidan tashqari Panjobni ham berganingizni aytdim. O‘sha paytda Mirzo Komron: «Otamiz menga besh hissa buyurganlar, og‘amizning mulki olti hissadan ham ortiq!» deb g‘avg‘o qilgan edi. Mana endi Sizda o‘shal olti hissaning bittasi ham qolmadi, Komron mirzo esa Badaxshon-u, Kobul-u, G‘azniga qanoat qilmay, Qandahorni ham o‘z hukmiga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldi. Hindol mirzoga: «Qandahorda xutbani mening nomimga o‘qit!» deb buyurdi. Mening iltijolarim, oltmish olti yoshimda tog‘ yo‘llarida azob tortib G‘azni orqali Qandahorga shu adolatsizlikning oldini olay deb kelganlarim kor qilmadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:42:31
Ne til bilan aytayki, Komron mirzoni siz-u bizga adovat saqlab yurgan eng yomon odamlar o‘z ta’siriga olmishdir. Sizning saroyingizdan poraxo‘rlik qilib quvilgan Bopusxon hozir Komronning sohibixtiyor vaziri. Amir Bahlulga tuhmat qilib uni qatl ettirgan, keyin o‘zi zindonga tushgan Said Xalil Agradan kelib, Komron mirzoning saroyida diniy peshvo bo‘lib olmishdir. Bechora Nizomga xiyonat qilib uning g‘animlari oldida obro‘ orttirgan Afzalbek ham hozir Komronning ishongan amirlaridan biri. Qandahordagi Qorachaxon ham shu kunlarda Hindol mirzodan aynib, Bopusxon-u Said Xalillar tomoniga o‘tib olgan. Bular hammasi Komron mirzoni har qadamda ulug‘lab, «Siz Bobur mirzoning eng sohib iste’dod o‘g‘lisiz, podsholikka faqat siz munosibsiz», degan gaplarga uni astoydil ishontirib qo‘yganlar. Shu boisdan mening kuyib-yonib aytgan barcha gaplarim tosh-ga urilgan tig‘day hayf ketdi. Hindol iningiz: «Podsho og‘amiz tirik turganda xutbani Komron mirzoning nomiga o‘qitish mumkin emas!» deb oyoq tirab turibdir. Zora siz tezroq yetib kelsangiz-u bu talash-tor-tishlarni bartaraf qilsangiz. Ko‘zim tirikligida sizning inilaringiz bilan inoq, ittifoq bo‘lganingizni ko‘rsam dunyodan bearmon ketardim».
Humoyun bu xatni olganiga ikki hafta bo‘ldi. shundan beri uni eng qattiq xavotirga solib yurgan yangilik — Said Xalil va Afzalbekday ashaddiy dushmanlari Komron mirzoning pinjiga kirib, uning ishonchli odamlariga aylanib olganligi edi. Ayniqsa, Said Xalil Humoyundan zindon qasdini olish uchun hech narsadan qaytmasligi aniq. Humoyun bolaligi o‘tgan Kobulga borishga, otasining qabrini ziyorat qilib, uning ruhidan madad so‘rashga qanchalik ishtiyoqmand bo‘lmasin, ammasining xatini o‘qi¬gandan so‘ng u yoqlarga qadam bosmaslikka qaror berdi. U Qandahorga ham xavotir bo‘lib, ehtiyot bilan yaqinlashmoqda, lekin har qalay, Hindol mirzo shu yerda bo‘lsa yordam qo‘lini cho‘zar degan umidda edi.
— Hindol mirzo hozir Qandahordami?! — so‘radi u kalontarning so‘zidan iztirobga tushib.
— Yo‘q. U kishi ilgarilari Qandahorning yozgi issiqlaridan shikoyat qilgan ekanlar. Yozda bu yerlarning jaziramasi chindan ham qattiq bo‘lur, Komron mirzo inilariga shuni eslatibdirlar. «Mayli, sizga salqin joy beray, G‘azniga hokim bo‘ling, mirzo Askariy Qandahorga kelsin», debdilar. Hindol mirzo bu gap¬ning yolg‘onligidan bexabar, Komron mirzoning taklifiga rozi bo‘libdilar. Qandahordan kuch ortib G‘azniga borsalar, darvozalar berk. Ichkaridan bir odam chiqib, Komron mirzoning yangi farmonini Hindolga ko‘rsatibdilar. Bu farmonga binoan Hindol mirzo G‘azniga emas, Haybar dovonidan naridagi notinch Sayfiy* joylarga — Lamg‘anot bilan Tangi¬hoga hokim tayinlanibdir.
— O noinsof-ey! — g‘azab bilan dedi Humoyun. — Komronning o‘zi hali Qandahordamikin?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:42:46
— Yo‘q, o‘tgan juma namozida Said Xalil kelib xutbani Komron mirzoning nomiga o‘qigandan keyin Kobulga qaytib ketdi.
— Xonzoda begim-chi?
— U kishi ham yig‘lab-yig‘lab Kobulga jo‘nadilar.
— Demak, Qandahor ixtiyori hozir Mirzo Askariyda?
— Ha, — kalontar shivirlab davom etdi. — Menga o‘g‘lim aytdi. Komron mirzo maxfiy farmon berib ketibdirlar. Sizni tuttirib, hibs qilishmoqchi emish. Xundor dushmanlaringiz bor ekan. O‘shalarga qo‘shib hajga jo‘natmoqchi emishlar.
Humoyun shuncha uzoq yo‘l yurib, inilaridan panoh istab kelsa-yu, endi manzilga yetdim deganda dahshatli xatarning ustidan chiqsa! Agar kalontarning gapi rost chiqib, uni hajga jo‘natsalar, himoyasiz qolgan odamni xundor dushmanlari yo‘lda o‘ldirib ketishlari hech gap emas!
— Nahotki inilarim mening qonimga shunchalik tashna bo‘lsa? — o‘rtanib dedi Humoyun. — Balki bu bir vahimali ovozadir?
— O‘g‘lim menga maxfiy buyruq bor, dedi... Hazratim, uyimning to‘ri sizniki. Malikangiz yosh bolali ekanlar. bu sovuqda qayoqqa ham borgaysiz? Agar tavakkal qilib turaveramiz desangiz — bosh ustiga. Lekin o‘g‘lim menga, «zinhor og‘zingizdan chiqarmang», degan edi. Bu sirni men faqat sizga ishonib aytdim.
— Xotirjam bo‘ling. Buni mendan boshqa hech kim bilmagay!
— Xudo hofiz! — deb kalontar yuziga fotiha tor¬tib o‘rnidan turdi.
Inilari uni o‘limga mahkum etganini Humoyun hech aqliga sig‘dirolmasdi. Xafalashish, arazlashishlar bo‘lib turadi. Lekin Humoyun ularga biron yomonlik qilgani yo‘q-ku. Askar yig‘ib, Kobulga tajovuz qilib bormasa, yosh bolali xotini bilan tinch bir joy izlab kelayotgan bo‘lsa. Nahotki shunday katta mamlakatning bir go‘shasini o‘z inilari undan ko‘p ko‘rishadi? «Oddiy odam bo‘lsang eding, bir sholchaning ustiga ham sig‘ar eding, — degan o‘y ko‘nglidan o‘tdi. — Hamma balo sening podsholigingda. Qandahorda xutbani Komronning nomiga o‘qitish shunchalik qiyin bo‘lgani — sening tirik yurganing tufaylidir. Said Xalilu Afzalbeklar o‘z maqsadlari yo‘lida hech qanday razolatdan qaytmasligini Agrada Amir Bahlul bilan Nizomning boshiga tushgan falokatlarda ko‘rgan eding-ku».
Fikri shu joyga yetganda Humoyun ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘yishga qaror berdi va ichki hovliga — Hamida bonu bilan Akbarning oldiga yo‘naldi. Bola yo‘lda yana battar shamollagan: yo‘talib, g‘ashlik qilib yig‘lardi. Humoyun kirishi bilan Mohim bibi Akbarni Hamida bonuning qo‘lidan oldi-da, narigi uyga olib chiqib emiza boshladi.
Manqalning issig‘idan yuzlari qizargan Hamida bonu:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:43:01
—Xudoga shukur-ey, yo‘l azobi tugay deb qoldimi, hazratim? — dedi. — Qandahorga yetsak, barcha mashaqqatlardan forig‘ bo‘lg‘aymizmikin?
Humoyun indamay uni ikki yelkasidan oldi-da, yuzini o‘ziga qaratib, ko‘zlariga ma’yus tikildi.
—Bardam bo‘ling, Hamidam! Kajraftor falak bizni yana yangi to‘fonlarga duchor qilsa yonimda mardona turib berursiz, degan umidim bor.
— Voy, yana biron shum xabar keldimi? — rangi quv o‘chib so‘radi Hamida.
— Qo‘rqmang, balki bu yolg‘on ovozadir. Har ehtimolga qarshi, qimmatbaho narsalaringizni, issiq kiyimlaringizni yig‘ib tayyorlab qo‘ying.
— Akbarning narsalarini ham yig‘ishtiraylikmi? Enagalar...
— Bola qattiq tumovlagan ko‘rinadir. Buni keyin o‘ylashurmiz. Haramda beluj ayol bormidi?
— Hasanali eshik og‘aning xotini beluj. Sora bibi degan.
— O‘shanga sekin ayting. Siz bilan shay bo‘lib tursin.
— Lekin men Akbarni tashlab ketolmagaymen!..
— Buni o‘ylashgaymiz dedim-ku. Vahima ko‘tarilmasin, boshqa hech kimga aytmang.
Humoyun yoqasining tugmasini yechdi-yu, ichki kuylagining yashirincha qo‘yin cho‘ntagidan baxmal tumorchaga o‘xshash uchburchak narsani oldi. Atrofi-ga ko‘z tashlab, uy va ayvonda boshqa hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgach, baxmal tumorchani Hamida bonuga uzatdi:
— Xazinalar bo‘shab qolganini bilursiz. Otamdan meros qolgan Ko‘hinur olmosi mana shu tumorda. Har ehtimolga qarshi bu sizda tursin.
Tumorcha kichik bo‘lsa ham vazni og‘irgina edi. Hamida bonu uni qo‘liga olganda Humoyun qo‘shib qo‘ydi:
 — Yana bitta yirik olmos bilan Badaxshondan keltirgan besh-oltita nodir la’llarim ham shuning ichida. Hammasining qiymati katta bir davlatning ikki-uch yillik daromadicha bor. Men ham valiahd o‘g‘limga munosib meros qoldiray degan orzu bilan bu la’l-u gavhalarni qancha xatarlardan asrab olib o‘tdim. Endi bularni sizga ishonib topshirmoqdamen. O‘zingizdan boshqa hech kim bilmasin.
Hamida bonu tumorchani ikki qo‘llab ko‘kragiga bosgan holda hayajon bilan gapirdi:
— Mening bezovta dilimga bu ulkan ishonchingiz madad bergay, o‘g‘limizga atalgan omonatingizni ko‘z qorachig‘iday asragaymen. Faqat Akbarning o‘zi men uchun dunyoning barcha javohirlaridan azizroq!
— Men uchun ham shundoq, Hamida! Akbar uchun jonimni ham ayamaymen!

_______________
* K a l o n t a r — eng katta degani, ya’ni qishloq oqsoqoli.
* D a r i — fors tilining Afg‘onistonda ko‘proq tarqalgan bir turi tojikchaga yaqin.
* M a r ’ i y — qonuniy.
* S a y f i y — qilich kuchi bilan soliq to‘laydigan, itoatdan chiqqan joy.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:43:17
* * *

Yo‘llarda to‘xtab-to‘xtab, Sinddan Qandahorga yetib kelgunlaricha ikki oy o‘tgan, bu orada bir qism odamlar yo‘l azoblariga bardosh berolmay kasallangan, yana bir qismi boshqa hukmdorlar huzuriga ketib qolgan edi. Hozir qarorgohda askar-u sipohilar bola-chaqasi bilan besh yuzga yetar-etmas, ularning hammasiga Bayramxon bosh bo‘lib turar edi.
Humoyun sakkiz burchaklik katta oq o‘tov oldiga kelib otdan tushdi. Eshikdan peshvoz chiqqan devqomat Bayramxon katta oq cho‘girmali boshini egib, uni ta’zim bilan kutib oldi-da, ichkariga boshladi.
Humoyun kalontar aytgan sirni hech kimga bildirmaslikka so‘z bergan bo‘lsa ham, lekin Bay¬ramxon hozir uning eng yaqin hamrozi edi. Shuning uchun u bilan yakkama-yakka o‘tirib bor gapni birma-bir aytib berdi:
— Agar inilarim menga qarshi qilich yalan¬g‘ochlaydigan bo‘lsa, haj yo‘lida emas, jang maydonida o‘ldira qolsinlar! Men uchun ham qo‘lda shamshir bilan o‘lish afzal emasmi? Barcha sodiq yigitlarimizni jangga tayyorlang.
Bayramxon ulkan cho‘girmasini sarak-sarak qilib bosh chayqadi:
— Hazratim, men o‘n to‘rt yildan beri xizmati¬ngizda yurib, eng xatarli janglaringizga ham birga borganmen. Ammo og‘a-inilarning birodarkushlik jangini sizga ham, o‘zimga ham zinhor munosib ko‘rmasmen.
Bayramxon Humoyundan sakkiz yosh katta edi. So‘nggi yillardagi asirlik kulfatlaridan yuzida ajinlar ko‘paygan, yoshi qirqdan oshib, qalin qora soqoliga oq oralab qolgan edi.
— Mayli, buyrug‘ingiz bilan men barcha bek-u navkarlarni shay qilib qo‘yay, ammo jangni emas, biron bexatar joyga ketishni o‘ylamoq darkor.
— Bu qish sovug‘ida qayoqqa borurmiz, janob Bayramxon?
— Shomilistonga* boraylik. Shimol tomoni Seyiston, Hirot. Hozir Hirot ham shoh Tahmaspning qalamravida. Bu shoh bilan yoshlikda ko‘rishgansiz, otasi otangiz bilan ittifoqdosh do‘st edi. Agraga shoh Tahmaspning elchilari borgan-da izzat-ikrom bilan kutib olgan edingiz, katta sovg‘alar berib kuzatgan edingiz. Shohga ham siz-u bizdek jangovar ittifoqdoshlar juda kerak. Chunki shayboniyzodalar shu kunlarda Hirot-u Xurosonni shohdan tortib olish harakatida shimoldan tahdid solmoqda emishlar. Biz Tahmasp¬ning yoniga kirsak, shohning dushmanlari tajovuzdan hayiqib qolishlari mumkin.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:43:32
— Ammo o‘zimizning shuncha viloyatlarimiz turganda safaviylar yurtiga sig‘indi bo‘lib borish...
— Ular begona emas, hazratim. Shoh Tahmasp o‘zimizning ozarbayjonlik. Bundan yigirma to‘rt yil burun Tabrizga borganim yodimda turibdir. Siz o‘shanda o‘ng bir yoshda edingiz, balki eslarsiz? Safaviylar ham o‘zimizning turkiy ulusdan. Bobur hazratlari Shoh Ismoil bilan tarjimonsiz bemalol so‘zlashgan edilar.
— Ammo johil qizilboshlar hazrat otamdan qasd olmoqchi bo‘lganlari yodingizdami? Go‘yo G‘ijduvonda shayboniyzodalar bilan qizilboshlar orasida bo‘lgan jangda mening otam Najmi Soniyga xiyonat qilgan emish, shuning natijasida u o‘ldirilgan emish! Holbuki, Najmi Soniy otamning o‘zini ham yo‘q qilmoqchi bo‘lgan ekan. Qarshida qatliom e’lon qilib, yetti yoshdan yetmish yoshgacha begunoh aholini qirdirgan ekan.
— Shoh Ismoil buni bilar edi, «ayb Najmi Soniyning o‘zida», — deb Tabrizda otangizni himoya qilgani yodingizda bordir.
— Shoh ismoil hozir yo‘q. Shoh Tahmaspga mute bo‘lib borish... xatardan xoli emas, janob Bayramxon.
— Xatar bu yerda ko‘proq. Axir siz shoh Tahmasp bilan bitim tuzgan edingiz, og‘ir paytda ikkovlaringiz bir-birlaringizga ko‘mak berish haqida ahdlashgan edilaringiz.
— Shu ahdlar esida bormikin?
— Unutgan bo‘lsa eslatmog‘imiz mumkin.
Humoyun Bayramxonni shoh Tahmaspga elchi qilib yuborish haqida o‘ylab, bir lahza jim qoldi.
Shu payt tashqarida ot dupuri va allakimning hovliqib:
— Hazratim qanilar? — degan xitobi eshitildi.
Humoyun ovozni tanib:
— Yo‘lchibekmi? — dedi. — Men o‘zim uni kutib yurgan edim. Ayting, tez kirsin.
Yo‘lchibekni Humoyun bundan uch hafta burun ammasi Xonzoda begimning maktubini olgandan so‘ng Qandahorga xufiya qilib jo‘natgan edi. «Agar bizga biron xatar borligini aniq bilsang, darhol xabarini yetkaz», deb tayinlagan edi.
Sovuqdan ot choptirib kelguncha mo‘yloviga qirov inib, oqarib qolgan Yo‘lchibek o‘tov eshigidan kir¬di-yu, yerga o‘zini tashlab tiz cho‘kdi:
— Shum xabar keltirdim, Hazratim! Tezroq shaylaning! Iningiz Askariy ikki ming qo‘shin bilan sizni tutmoqchi bo‘lib bostirib kelmoqda!
Humoyun va Bayramxon o‘rinlaridan sakrab tu¬rishdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:43:47
— Qayerda ko‘rdingiz?
—Bundan besh toshcha* narida. Men yetib kelgunimcha ancha vaqt o‘tdi. Bir-ikki soat o‘tmay yetib kelsa kerak. Niyati yomon. Shafqatsiz farmon berilganini ishonchli odami aytdi!
Humoyun Bayramxonga yuzlandi:
— Darhol odamlarni yig‘ing! Hasanali eshik og‘a, Turdibek, Mirbobo Do‘st, Yoqub qo‘rchi, yana kimki astoydil sodiq bo‘lsa birga yursin. Istiqbol yomon, yo‘limiz xatarli! Men xaylxonaga boray!
Humoyun namozshom paytida ot choptirib kalontarning uyi tomonga borar ekan, tog‘ tomonidan achchiq izg‘irin esayotganini, guruchday-guruchday qattiq qor donalarini shamol yuziga jazillatib urayotganini sezdi-da, «Akbarni olib chiqsak nobud bo‘l¬g‘ay!» degan tahlikali o‘y xayolidan o‘tdi.
Ichki hovliga kirib, mumkin qadar bosiq tovush bilan:
— Begim, ot tayyor, issiqroq kiyinib chiqing, — dedi.
Agrada moskoviyalik savdogar taqdim qilgan suvsar po‘stinni Humoyun hamida bonuga bergan edi. Kanizagi Aminat unga shu po‘stinni kiydirayotganda Hamida bonu yoshli ko‘zlarini Humoyunga tikdi. Yig‘lab iltijo qildi:
— Akbarjonni birga olaylik!
— Begim, meni muncha ezmang. Boya tushuntirdim. Xudo xohlasa, erta-indin qaytib kelurmiz. Sovuq yomon, bola o‘zi kasal. Mohim bibi qarab turgay. — Humoyun bolaning beshigi oldida turgan Mohim bibiga yuzlandi: — Singlim, hamida yo‘g‘ida siz Akbarga onalik qiling. Javhar oftobachi ham besh-o‘nta sodiq odamlarimiz bilan shu yerda qolib, Akbarning xizmatini qilgay. Agar kechasi Askariy kelib, ozor bermoqchi bo‘lsa... hazrat otamizning arvohlarini o‘rtaga solib ayting, Akbarga ham, enagalarga ham yomonlik qilmasin. Bolada ne ayb? Qanday alami bo‘lsa mana, men bormen! — Bu so‘zlar davomida Hamida bonu jun ro‘molini boshiga soldi, lekin o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi, chopib borib Akbar belangan beshikni quchoqladi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:44:03
— Men bolamni xavf-xatarga qanday tashlab ketgaymen, musulmonlar! Bu qanday ko‘rgulik?
Onaning iztirobi bolaga o‘tdi-yu, Akbar beshikda yotgan ko‘yicha chirqirab yig‘ladi.
Humoyun Hamida bonuga: «Bo‘lmasa bola bilan qoling!» demoqchi ham bo‘ldi. Boya u xotiniga gavhar va la’llarni berganda, «bular mensiz qolsa xor bo‘lmasin, ilikka tushsam tintib qo‘ynimdan topib olishgay», degan fikr ko‘nglidan o‘tgan edi. Eng og‘ir kunlarda taqdirning barcha zarbalariga bardosh berish uchun suyukli xotini yonida bo‘ishi kerak edi. Hamida bonusiz istiqbol unga keraksiz va ma’nosiz tuyulardi. Shuning uchun:
— Bas, yig‘lamang, men qolgaymen! — dedi va qilichining sopini changalladi: — Menga bunday ayriliq dahshatidan ko‘ra qilich bilan jon bermoq afzal! Oxirgi nafasim qolguncha siz bilan Akbarni himoya qilgaymen!
U chopib ayvonga chiqqanida darvozaxonadan Bayramxonning tovushi keldi:
— Hazratim! Odamlar yig‘ildi! Tezroq bo‘ling! Yog‘iy yaqin!
— Yog‘iy yaqin bo‘lsa jang qilg‘aymiz!
— Ikki ming yog‘iyga qanday bas kelurmiz, hazratim? Qirqtagina bek-u navkar to‘pladim, xolos!
Bu so‘zlarni eshitib turgan Mohim enaga tez Hamida bonuning yoniga keldi:
— Voy o‘lay, hazratimning qoniga zomin bo‘l¬mang yana, hazrat begim! Akbarjonga men ham onamen! Jiji enaga bor! Poychajon enaga bor!
Ruparani Umarqutda qolgan, enagalardan yana ikkitasi Qandahorga yetib kelolmagan, lekin hozir Mohim tilga olgan uch ona bolaga jonini bergudek mehribon. Akbarning ko‘kaldoshlari Adham, Aziz va Zayniddinlar ham shu yerda qoladi. Bolani bu qish sovug‘ida olib ketib bo‘lmasligi aniq.
Hamida bonu Humoyunga ajdahoday og‘iz ochib kelayotgan xavf-xatarning butun dahshatini endi ko‘z oldiga keltirdi. Beshikdagi Akbarni quchoqlab, yuzini bolaning yuziga bosib xayrlashdi-yu, Humoyunning ketidan hovliga chopib chiqdi. Ko‘z yoshlarini kafti bilan artib Humoyunning yoniga keldi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:44:19
— Ayting, menga ham ot keltirsinlar!
Bu orada Hasan eshik og‘aning xotini Oysha bibi ham otlanib, tayyor bo‘lib turgan edi.
Qirqtacha erkak orasida shu ikki ayol g‘o‘ra qorni qayirib urayotgan izg‘iringa qarshi yurib, oqshom g‘ira-shirasida Sarimastungdan chiqdilar-u shimoli sharqdagi qorli tog‘larga qarab yo‘l oldilar. Havo nihoyatda sovuq. Kechasi tog‘ etagidagi o‘rmonzorga yetganlarida tun qorong‘isi juda quyuqlashib ketdi. Aylanma tog‘ so‘qmog‘ini topish qiyin bo‘lib qoldi.
— Odamlar ham juda sovqotdi, — dedi Turdi¬bek.— Hazratim, to‘xtab bir gulxan yoqsakmikin?
— Pastdan bizni quvib kelayotgan bo‘lsalarchi? — dedi Humoyun. — gulxan yorug‘i bizni tutib bergay. Tepalikdan oshib, panaroq joy topmog‘imiz kerak.
Tepalik bo‘lib ko‘ringan joy ancha baland dovon ekan. Qor urib turibdi, yurish qiyin, otlar hansiraydi. Ravshan ko‘kaning oti sirg‘anchiq joyda yiqilib, orqa oyog‘i qirrali toshga shunday qattiq urildiki, cho‘¬loqlab, yurolmay qoldi. Ravshanbek otdan tushib uni yetaklab bora boshladi.
Tun yarmidan oshganda dovondan naridagi qoya¬toshlar panasiga o‘tib, qor uncha tegmay qorayib turgan tog‘ kamarlari oldida to‘xtadilar. Yigitlar birpasda o‘tin olib kelib gulxan yoqdilar. Bu o‘rmonda bolut daraxti ko‘p edi, uning archanikini eslatadigan nina barglari xo‘l bo‘lsa ham gulxanda charsillab yonardi. Atrofga sal yorug‘ tushgandan keyin tog‘ pistasining daraxtlari ham ko‘rindi, yigitlar uning olovi taptlik bo‘ladi deyishib, qurigan shoxlarini sindirib gulxanga tashladilar. Humoyun bilan Bayramxon uchun yetovda to‘rtta salt ot bor edi. Humoyun shulardan birini Ravshanbekka berdi.
— Cho‘loq ot endi yo‘lga yaramagay, uni so‘yinglar, — deb buyurdi.
Odamlar kechki ovqatni yeyishga ulgurmay yo‘lga chiqishgan, hozir ularni ochlik ham qiynamoqda edi. So‘yilgan otning go‘shtini pishirish uchun qozon topolmadilar. Bayramxon bolut novdalarini pichoq bilan tozalab, six o‘rnida ishlatdi-da, ot go‘shtining yaxshi joylaridan pista cho‘g‘ida kabob qildirdi. Navkarlar ot go‘shtini dubulg‘alariga solib gulxanda qovurib yedilar.
Hamida bonu och qolganini ham bilmas, ishtahasi yo‘q, beshikda qolgan bolasi ko‘z oldidan ketmaydi. Sahar palla gulxandagi pista cho‘g‘ining issiq tapti elitib, o‘ltirgan holda ko‘zi ilinibdi. Tushida o‘ng oylik Akbarni cho‘miltirayotgan emish. Bola sog‘, quvnoq, «Xayriyat-ey, yonimda ekan, tuzalib ketibdi!» deb, quvonib ko‘zini ochsa, atrofida qorli o‘rmon, gadir-budur qoyatoshlar, sovuqda diydirab turgan ot va xachirlar. Voqelikka qaytdi-yu, ayrilq dardi yana yangilanib, birdan ko‘zlariga yosh qalqdi.
O‘sha kuni Javhar oftobachi boshliq o‘ttiztacha odam Qandahorda qolgan chodirlar, boshqa zarur buyumlarni olib kelib, ularga qo‘shildilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 08:44:32
— Sizlar juda vaqtida ketgan ekansizlar! — dedi Javhar. — Ketlaringdan ikki soat o‘tar-o‘tmas mirzo Askariy katta qo‘shin bilan bostirib keldi. To‘rt tomonga izg‘ib sizlarni axtardi. Bizdan so‘ragan edi, «ovga ketganlar», dedik. Keyin Akbar yotgan uyga kirdilar. Xotinlari Saltanat begim ham birga kelgan ekanlar. Mohim enaga ikkovlarining oyog‘iga yiqilib: «Akbarni o‘z farzandingiz o‘rnida ko‘ring!» deb iltijo qildi. Askariy dag‘alroq javob bergan edi, Saltanat begim oraga tushdilar. Akbarni iliklariga olib erkalatdilar, «men buni enagalari bilan o‘z tarbiyatimga ol-gayman», deb Qandahorga olib ketdilar. Buni ko‘rib ko‘nglimiz sal tinchidi-yu, yashiriqcha yo‘lga chiqdik.
Hamida bonu orqaga — Akbarning oldiga qaytishni qanchalik istamasin, endi Humoyun o‘zining inilari bilan yarasholmasligini sezib turardi. U bolasini sog‘inib, yig‘lab-siqtab bo‘lsa ham eri bilan birga shimolga — Xurosonga qarab ketib borardi. Yosh ona har kuni Akbarni emizadigan mahalda siynasiga sut to‘planib, chidab bo‘lmas darajada og‘riy boshlardi. Shunda Hamida Oysha bibi bilan xoli joyga chiqib, sutini qorga sog‘ib tashlardi. Oppoq qorda sut ko‘zga tashlanmasa ham uning issiq tapti sovuq qorda hovur chiqarardi. Jigarbandining nasibasi hayf ketayotganidan yuragi qon bo‘lgan Hamida bonu:
— Bizni shu ko‘yga solganlani ona sutining uvoli ko‘r qilsin! — deb pichirlardi.

___________
* Sh o m i l i s t o n — beluj va afg‘on qabilalari yashaydigan o‘lka.
* Besh t o sh — sakkiz chaqirim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:02:00
QAZVIN
YER TAGIDAN O‘TGAN TOG‘

Qorli Elbrus* tizma tog‘i Hazar* dengizining janubidan, Safedrud deb ataladigan oqish suvli daryodan boshlanadi-yu, Mozandaron va Gurgonni aylanib o‘tib, Turkman elining chegarasigacha yuzlab chaqi¬rim masofaga cho‘ziladi. Hazar dengizining sernam havosi Mozandaron o‘rmonlariga tez-tez yomg‘ir olib keladi, Elbrus tizmasining shimol tomoniga yoqqan qalin qorlar uzoq saqlanadi. Ammo quyuq bulutlar baland tog‘lardan oshib o‘tolmagani uchun Elbrus tizmasining janubiy etaklarida joylashgan Qazvinda quruq va iliq kunlar ko‘p bo‘ladi.
Qishning oftobli kunlarida shoh Tahmasp Elbrus tog‘ining kungay etaklarida ov qilib yurgan edi, Mirzo Humoyundan shoshilinch elchi kelganini eshitib, uni archazor o‘rmon orasidagi xushmanzara yalanglikda o‘zining havorang kimxob chodirida qabul qildi.
Bayramxon Hilmon daryosi bo‘yidagi Xuroson-u Mashhad orqali Qazvingacha bo‘lgan bir oylik yo‘lni qahraton qish faslida yigirma kunda bosib o‘tgan, qattiq charchaganidan oyoq ustida zo‘rg‘a turar edi. U shohga ta’zim qilib yukunganda boshi aylanib gandiraklab ketdi. Buni ko‘rgan Tahmasp unga chap tomonidan — uch qadamcha joyni ko‘rsatdi-da:
— Keching!* — dedi.
Shohning soqolsiz iyagi, uzun mo‘ylovi, devday yirik gavdasi bahaybat ko‘rinsa ham, yirik-yirik ko‘zlari Bayramxonga kutilmagan bir iliqlik bilan boqqanday tuyuldi.
Bugun ov o‘ngidan kelgan, shoh o‘z qo‘li bilan otgan arxarlar* chodir tashqarisida qor ustida yotar, ularning qop-qora beozor ko‘zlari va mayin yunglari Tahmaspda ovchilik sururi bilan birga o‘rmonda yayrab yurgan shu tirik jonvorlarning abadiy so‘ngan hayotlariga nisbatan ozgina achinish hissi ham uyg‘otmoqda edi.
U Humoyunning «olampanoh» deb boshlanadigan maktubini o‘qiganda va uning boshiga tushgan mushkul savdolar tafsilotini Bayramxondan eshit-ganda:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:02:13
— Chox afsus! — dedi. — Bizim Hindistondagi suyangan dag‘imiz Mirzo Humoyun edi. Oning o‘zidan ham xatolar o‘tmishki, toj-u taxtidan ayrilmishdir.
Tahmasp Humoyunning bir vaqtlar kayf-u safoga berilganini, Agrada goho haftalab bazmlar o‘tkazganini, saxiylikda hamma podsholardan o‘zgisi kelib, qaysi bir marosimda o‘n ikki ming kishiga sarupo kiygizganini eshitgan edi. Inisi Komron Kobul-u G‘azniga qanoat qilmay Panjobni ham zabt etganda Humoyun uni darhol quvib yubormaganini, yumshoqlik qilib shunday tajovuzni kechirganini shoh Tahmasp uning yana bir katta xatosi deb hisoblardi. Tahmaspning o‘zi hozir Shirvonda hokimlik qilayotgan inisi Alqas mirzoga ham, Qazvindagi ikkinchi inisi Bahrom mirzoga ham bunchalik erk bermas, agar yaqinlari biron tajovuzga yo‘l qo‘ysa, ayovsiz jazolardi. Buni biladigan Bayramxon:
— Hazrat shahanshoh, — dedi. — Mirzo Humo¬yun o‘shanda Komronga katta erk berganlaridan hozir pushaymonlar. Ul zotga sizdek shoh hazratlarining inilaringiz bilan munosabatdagi qat’iyatingiz ham ibrat bo‘lmog‘i mumkin. Ul hazrat sizning ulug‘ hukm¬dorlik tajribalaringizni o‘rganmoq uchun ham huzuringizga kelmoqchilar.
Turkman tili ozarbayjonchaga yaqin bo‘lgani uchun Bayramxon talaffuzini shohning ona tiliga iloji boricha yaqin qilib so‘zlardi. Tahmasp unga tikilib:
— Turkmanning qoraqoyunli urug‘i bizim qardashimizdir, — dedi. — Sizning bahorlu urug‘ingiz Hamadon atroflarida biz bilan inaq yashayur. Siz nechun sunniylar hizmatiga getdingiz?
— Olampanoh, taqdirga chora yo‘qdir, — deb Bayramxon o‘zining Badaxshonda tug‘ilganini, otasi Sayfalibek Boburning inoyati bilan G‘azni viloyatida hokim bo‘lganini, onasi Negina xonim ham Humo¬yunning onasi Mohim begimdan ko‘p yaxshiliklar ko‘rganini, u buning hammasiga bolalikdan guvoh bo‘lib o‘sgani uchun o‘n olti yoshidan beri shu xona¬donga sadoqat saqlab yurganini aytib berdi.
Humoyun bilan Sherxonning ganga bo‘yidagi janglaridan xabardor Tahmasp:
— Siz Sherxonga asir tushmishsiz? — deb so‘radi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:02:26
— Ha, podshohimizni qurshovdan chiqardim-u o‘zim ilikka tushdim.
Bayramxon Sherxon xizmatiga o‘tmagani uchun o‘limga hukm etilganini, so‘ng yaqin do‘sti Abulqosim Jaloyir ikkalasi asirlikdan qanday qochganini bir-bir aytib berdi. Bayramxonning shoirlik iste’dodi voqealarni lo‘nda va ta’sirli qilib ayta olishida ham sezilar, Tahmasp uning hikoyasiga berilib quloq solar edi.
— Abulqosim o‘zi Jaloyir degan o‘zbek urug‘idan, mazhabi sunniy, ammo ko‘rinishi menga o‘xshar edi. Yoshimiz ham teng, o‘zimiz o‘ng besh yillik qadrdon edik. Chitordagi bir jangda men uni naqd o‘limdan olib qolgan edim. «O‘sha yaxshiligingni qaytarishim kerak», deb yurardi. Ikkovimiz Sherxondan qochib Gujarat tomonga borayotganimizda Sherxonning odamlari ketimizdan quvib yetib keldi. Yuzdan ortiq qurolli askarga ikkovimiz bas kelolmasligimiz aniq. Sherxon farmon bergan ekan: «Bayramxonni tutgan joylaringda qatl etinglar, hibsga olinmasin, yana qochgay», degan ekan. Afg‘onlar Abulqosim ikko¬vimizni o‘rab olib: «Bayramxon kim? Oldinga chiq¬sin», — dedi. Men Abulqosim bilan quchoq¬lashib xayr¬lashdim-da, oldinga chiqdim: «Bayramxon men!»— dedim. Shunda Abulqosim mendan ham oldinroqqa chiqib «yo‘q, bu mening navkarim, Bayramxon men!» — dedi. Men e’tiroz qilib o‘zim¬ning Bayramxon ekanimni isbotlamoqchi bo‘ldim. Afg‘onlar kimga ishonishlarini bilmay hayron. Ikko¬vimiz bir-birimizga o‘xshashmiz. Men e’tiroz qilaverganimdan so‘ng, Abulqosim yuzimga bir tarsaki urdi-yu: «Sen mening itoatimdasen, jim tur, hali Bay¬ramxon bo‘lishingga ko‘p yil bor!» — dedi. Men shapatidan karaxt bo‘lib jim qoldim. Shundan so‘ng afg‘onlar shapati yeganim bejiz emasligiga — mening navkar ekanimga ishonishdi. Abulqosim Jaloyirni bir chetga olib chiqib ketib, boshini kesdilar-u Sher¬xonga ko‘rsatish uchun olib ketdilar.
Bayramxon o‘sha voqeani yana qayta boshdan kechirgandek ovozi titrab davom etdi:
— Olampanoh, siz-u bizning qoraqoyunlu urug‘i¬miz, barlos-u o‘zbeklar — barimiz chindan ham qonqardosh ekanimizni men o‘shanda dil-dilimdan his qildim. G‘arbda turk sultonlari, Turonda shayboniyzodalar eng johil kuchlarni qo‘zg‘atib, mazhab urushini boshlamasa edi, ming-ming odam behuda qurbon bo‘lmas edi. Bobur saroyida ham, Humoyun dargohida ham jaholat emas, ma’rifat ustun edi. Abulqosim Jaloyir ana shu ma’rifat nuridan bahramand bo‘lib o‘sgan yigit edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:02:40
Bayramxon shu so‘zlardan keyin qo‘yniga qo‘l solib, sadafi yaltiragan quticha chiqardi:
— Mirzo Humoyun sizga sovg‘a etib Hindis¬tonning buyuk olmosini yubordilar.
Shoh Tahmasp qutichani ochdi-yu, qora baxmal ichida ming xil jilva bilan nurlanayotgan yirik olmos¬ni ko‘rib ko‘zi quvonchdan yaltirab ketdi.
— Sog‘ o‘l! — dedi Bayramxonga.
Shoh eshik og‘a Validbekni chaqirib, Bayramxon bilan yigitlariga maxsus chodirlar tikdirishni va ziyo¬fatlar berishni buyurdi.
Yolg‘iz qolganda olmosni qutichadan olib salmoq¬lab ko‘rdi. Bunday yirik olmos haligacha shohning qo‘liga tushmagan edi. Olmosni u singlisiga ko‘rsatgisi keldi-yu, ikki chodir naridan Shohzoda Sulto¬nim¬ni chaqirtirdi.
Safaviylar xonadonida mo‘tabar ayollarni e’zozlab ovga, hatto urushga ham birga olib borish odati bor, bu ularning e’tiqodlari bilan ham bog‘liq edi. Ular sig‘inadigan to‘rtinchi xalif — hazrati Ali suyukli xotini Bibi Fotimani urushga ham birga olib borgani tarixdan ma’lum. Bexatar joyda — Alining orqasida oq soqolli bir mo‘ysafid Bibi Fotima mingan oq tuyaning jilovidan tutib turarkan. Tepalikdan jangni kuzatib turadigan Bibi Fotima Aliga uzoqdan turib ruhiy madad berarkan.
Tahmaspning otasi Shoh Ismoil ham o‘z janglariga sevimli xotini Tojli begimni birga olib borardi. Tabrizdan nari Choldora degan joyda bo‘lgan qattiq jangda Tojli begim avval bexatar tepalikda turib shohning jangini kuzatgan. Keyin Shoh Ismoil mag‘lub bo‘layotganini ko‘rgan Tojli begim yigitcha kiyinib jangga kirgan, ammo ish chappasidan ketib asir tushgan. Shoh Ismoil turk sultoniga yuz ming tuman* tovon bermoqchi bo‘lgan. Lekin turk sultoni Tojli begimni buncha oltin evaziga ham qaytarib bermagan. Shoh Ismoil umrining oxirigacha suyukli xotinini eslab, sog‘inib o‘tgan.
Bu achchiq saboqdan so‘ng shoh Tahmasp janglarga xotinlarini olib bormaydigan bo‘ldi. Faqat hazrati Ali an’anasini unutmaslik uchun ovlarga singlisi Shohzoda Sultonimni birga olib borar, u tepada tomosha qilib turganda, otining jilovidan nuroniy bir mo‘ysafid tutib turardi. Yigirma yoshli Shohzoda Sultonim chodirga kirib ta’zim qildi-da, Tahmaspning ovdagi jasoratini, arxarlarga haqiqiy sher kabi hamla qilganini shavq-zavq bilan so‘zlay boshladi. Singlisining mana shu serzavqligi, shirin-so‘zligi doim shohning dimog‘ini chog‘ qilar, shuning uchun uni ko‘pincha o‘zi bilan olib yurardi. Tahmasp singlisini yana bir quvontirgisi kelib Humoyun berib yuborgan olmosni unga ko‘rsatdi-da:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:02:54
— Buyuk hind olmosi, — dedi.
Humoyundan elchi kelganini eshitgan Shohzoda Sultonim olmosning afsonaviy go‘zal tovlanishidan hayajonga tushib:
— Ko‘hinur budir? — deb so‘radi.
Shoh Tahmasp Ko‘hinurning ovozasini eshitgan, ammo Bayramxondan buni aniq so‘rab olmagan edi. Singlisining shashtini qaytarmaslik uchun:
— Ha, Ko‘hinur endi bizning tojimizni bezayur!— dedi.
Shohzoda Sultonim akasini bu ulug‘ obro‘ bilan muborakbod qildi va boshiga og‘ir kun tushgan paytda ham shunchalik saxovat ko‘rsatgan Humoyunga ko‘mak  berishni shohdan o‘tinib so‘radi.
Tahmasp yana Validbekni chaqirtirdi. U kelguncha qutichani yopib, qo‘yin cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Singlisi buni hozircha sir tutish kerakligini shundan sezdi.
Validbek ta’zim qilib kirganda:
— Janob eshik og‘asi, — dedi. — Hind podshosi Mirzo Humoyun bizdan panoh so‘rab Xuroson chegarasiga kelmishdir. Uni qabul etib, o‘z saxovatimizni ko‘rsatsak ne deyursiz?
— Shahanshoh biza ne farmon bersalar ado etishga hozirmiz. Ammo qulingizda bir andesha vardir.
— Ne andesha? So‘zlang!
— Xuroson yaqinlargacha temuriylar mulki sana¬lardi. Humoyun shoh Tahmasp yordamida qaddini tiklagach, Xuroson-u Hirotni safaviylar davlatidan ajratib olish harakatiga tushmasmikin?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:03:10
Validbekning bu andishasi shohni o‘ylantirib qo‘ydi. Shu payt Shohzoda Sultonim akasidan so‘zlash uchun ruxsat oldi-da, o‘z fikrini ayta boshladi. Uningcha, Humoyunning Xurosonda qolishi mum¬kin emas. Chunki shimolda shayboniyzodalar, sharqda va g‘arbda uni quvg‘in qilgan inilari turibdi. Buning ustiga yana safaviylar bilan yovlashib, Xurosonni talashsa to‘rt tomonidan o‘t ketib, darhol yonib ketishini biladi. Shohzoda Sultonim shoh og‘asiga ma’noli ko‘z tashlab, boyagi noyob olmosni eslatmoqchi bo‘ldi. Shoh shunday buyuk sovg‘ani qabul qilib olgandan keyin, Humoyun elchisiga qay til bilan rad javobi beradi? Holbuki, Shohzoda Sultonim o‘z suyukli akasi Tahmaspni saxovat va mardlikda Humoyundan ham balandda ko‘rishni istaydi!
Singlisi aytgan mantiqli gaplardan tashqari, go‘zal qizning bu istagi ham yigirma to‘qqiz yoshli Tahmaspga Validbekning andishasidan ko‘ra kuchliroq ta’sir qildi.
Shunday mashhur boburiy va uning sarkardasi Bayramxon Hindistonday joydan kelib safaviylardan panoh topsa, bu — shohning obro‘sini yanada oshirmaydimi?
Afsuski, Humoyunning odami juda kam qolgan ekan... Ammo uning atrofidagi navkarlarni istaganicha ko‘paytirish shoh Tahmaspning qo‘lidan keladi-ku. Agar shohning buyrug‘i bilan Humoyunni Seyistonda ming odam kutib olsa, Hirotga kelganda uni yana ikki-uch ming bek-u navkar kuzatib borsa yomon bo‘ladimi? Birinchidan, shohning bu ikki-uch ming bek-u navkari Xurosondagi fitnachi sunniylarni Humoyunga yaqin keltirmaydi. Ikkinchidan, Humo¬yunni kuzatib va qo‘riqlab yuradigan shohning ikki-uch ming bek-u navkari mirzoning o‘zini ham sadoqat chegarasidan chiqmaslikka majbur qiladi.
Tahmasp bu fikrlarni o‘rtaga tashlar ekan Shohzoda Sultonim o‘z og‘asining aqliga tan berib:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:03:23
— Cho‘x dono tadbir, — dedi.
Siyosat uchun shunday qilish zarurligini Validbek eshik og‘asi ham endi tushuna boshladi. Humoyun¬ning ozgina odami yoniga shohdan ikki-uch ming askar qo‘shilib, Xuroson-u Mashhad orqali Qazvinga qarab tantana bilan o‘tsa, buning ovozasi, albatta, g‘arbdagi va sharqdagi dushmanlarga ham yetib boradi.
Shoh Tahmasp munshini chaqirib, seyiston beglarbegi Ahmadbek shomluga va Hirot hokimi Shohqulibek Qorasultonlar nomiga Humoyunni zo‘r tantanalar bilan kutib olish haqida farmonlar yozdirdi. Shohzoda Sultonim bu farmonlardagi raqamlarni eshitgan sari hayratga tushmoqda edi: Tahmaspning farmoniga binoan, Humoyun va uning odamlari uchun shoh xazinasidan ajratilishi kerak bo‘lgan yavmilxarj — (kundalik xarajat) ikki tuman, ya’ni yigirma ming tabriziy belgilandi. Seyiston va Hirot hokimlariga Humoyunni o‘ng olti farsah* nariga borib kutib olish, unga o‘ng ikkita shohona chodir tikib berish, yuzta egarlog‘lik ot taqdim qilish, o‘ziga, xotiniga va yaqinlariga zar qo‘shib tikilgan duxobalardan sarupolar in’om qilish topshirildi.

_____________
* Shimoliy Kavkazdagi elbrus cho‘qqisidan tashqari Eronda Elbrus degan ulkan tizma tog‘ bor. Rivoyatlarga ko‘ra, har ikki elbrus aslida bir tizmada bo‘lgan ekan-u, ularning o‘rtasidagi tog‘ yer tagiga tushib ketgandan so‘ng oralari uzilib qolgan ekan.
* H a z a r — Kaspiy dengizi.
* K e ch i n g — «o‘ting» degani.
* A r x a r — yovvoyi qo‘y.
* B i r  t u m a n — o‘n ming tabriziy.
* B i r   f a r s a h — 6—7 chaqirim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:03:38
*  *  *

Agar Hamida begimning ko‘ngli Qandahorda qolgan Akbarning xayoli bilan mudom band bo‘lmasa edi, Xuroson va Eronda ularni mehmondo‘stlik bilan kutib olganlaridan yayrab, quvonib yurishi mumkin edi. hirot, Sabzavor, Mashhad, Nishopur shaharla¬rining ming-minglab odamlari mehmonlarga peshvoz chiqishar, ziyofat paytlarida yuzlab chinni laganlarga oshlar suzilar, har kuni ularga qimmatbaho sarpolar kiydirishar, shoirlar Tahmasp bilan Mirzo Humo¬yunni osmondagi ikkita qo‘sh yulduzga o‘xshatib ta’riflashardi. Shia-sunniy urushlaridan behisob jabr ko‘rgan va podsholarning o‘zaro adovatlaridan bezor bo‘lgan o‘qimishli, ziyoli odamlar endi ikki hukmdorning bir-biriga inoq munosabatda bo‘layotganini yaxshilik alomati deb bilardilar. Bazmlarda eng xushovoz xonandalar bu inoqlikka bag‘ishlangan she’rlarni latif kuylarga solib ashula qilib aytishardi.
Ammo yurakni ezuvchi bu go‘zal kuylar ham emizikli bolasining diydorini qo‘msab yurgan Hami¬daning sog‘inch tuyg‘ularini battar qo‘zg‘atardi. Hamida bonu besh-o‘n kunda Qandahorga qaytarmiz, degan umid bilan yo‘lga chiqqandi. Lekin oradan haftalar, oylar o‘tar, ular esa Qandahordan kun sayin uzoqlashib, Hazor dengizi va Elbrus tizma tog‘lari tomonga ketib borardilar.
Bu orada Qandahordan besh-olti yuz bek-u nav¬karlar qochib kelib Humoyun askarlari safiga qo‘shildi. Akbar bilan qolgan Mohim enaga qochib kelgan odamlardan Hamida bonuga maktub yubordi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:03:52
«Hazrat begim, tangrimga shukur, xavotirlanadigan paytlar endi o‘tdi, — deb yozgan edi Mohim. — Shoh Tahmasp sizlarni katta izzat-ikrom bilan kutib olganining ovozasi Qandahorga ham yetib keldi. Mirzo Askariy ham Bobur mirzoning o‘g‘illari-ku, axir, u kishida ham otalaridan o‘tgan odamgarchiliklar bor ekan. Hozir saksonga yaqin odamni Akbarjon bilan bizning xizmatimizga berib qo‘ydilar. Ayniqsa xotinlari Saltanat begim juda oqko‘ngil ayol ekanlar, Akbarni xuddi o‘z farzandlaridek yaxshi ko‘rib qoldilar. Akbarjonning tili chiqib, bitta-ikkita so‘z aytadigan bo‘lib qoldi. Eng avval Jajji enagani «Jiji» deb ataydigan bo‘ldi. Keyin meni «Maham» deb chaqirishga o‘rgandi. Gavdasi yirik, vazni og‘ir bo‘l¬gani uchun bir yosh-u uch oy deganda yura boshladi. Hazrat otalari shu yerda bo‘lganlarida o‘g‘illarining yurib ketganini aytib suyunchi olardik. Noiloj, bu xushxabarni Mirzo Askariyga yetkazdik. U kishi mamnun bo‘lib bizga ota o‘rnida suyunchi berdilar. Turkiy ulusning udumini bilursiz, yo‘lga kirgan bolaga ko‘z tegmasin, deb yumshoq bir narsa bilan oyog‘iga urib yiqitadilar. Akbarjon qo‘lchalarini oldinga qilib pildirab yurib kelayotganda Mirzo Aska¬riy boshlaridan sallalarini oldilar-u uning oyoqchala¬riga salla bilan urdilar. Bola yumshoq salla ustiga yiqilib tushdi, lekin yig‘lamadi, buning o‘yinligini sezib kuldi, «yana!» deb talab qildi. Mirzo Askariy yana ikki marta uni sallalari bilan shunday urib yiqitdilar. «Inshoollo, katta bo‘lganda yelkasi yer ko‘rmagay, hech bir olishuvda yengilmagay!» deb tilak bildirdilar». Maktubning shu yeriga yetganda Hamida bonu ich-ichidan bu tilakka qo‘shildi-yu, «Mirzo Askariyda ham hamiyat bor ekan-ku!» degan o‘yni ko‘nglidan o‘tkazdi. Kechasi xobgohda bu xatni Humoyun ham o‘qib, ancha mamnun bo‘ldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:04:13
— Askariy durust, ammo Komron shu yerda ham bizga o‘gaylik zaharini sochish harakatida emish, — dedi. — Said Xalilning Sulton Muhammad degan johil muridi bor. O‘sha odam bizga g‘animlik maqomida bo‘lgan yana uch-to‘rt kishi bilan Kobuldan Makkaga hajga borish bahonasida Qazvinga kelib tushibdir. Shoh Tahmasp huzuriga kirib, Mirzo Komrondan qimmatbaho sovg‘alar topshiribdur. Ular shohni bizga qarshi qo‘zg‘atish uchun hali ko‘p ig‘volar qilsa kerak. Shuning uchun siz ham hushyor yuring, begim. Mehmondamiz, bizni qo‘riqlash uchun yoki xizmatimizni qilish uchun qo‘yilgan yuzlab odamlar orasida shohning xufiyalari bor, o‘zimiznikilarning ham yomonlari yo‘q emas. Mezbonlarga malol keladigan biron so‘z yoki harakat bizdan sodir bo‘lmasligi kerak.
Hamida bonu busiz ham har bir so‘zni o‘ylab gapiradigan, mezbonlar orasida odob, tavoze qoida¬larini joyiga qo‘yadigan bo‘lib qolgan edi-yu, faqat Humoyun Qandahorda bergan tumor goh-goh esiga tushib og‘ir mas’uliyat tuyg‘usi uni bezovta qilardi. Hilmand daryosi bo‘yida to‘xtaganlarida kechasi Hu¬moyun tumorni undan so‘rab olib, tikilgan joyining bir chetini so‘kkan va gumbaz shaklli yirik olmosni olib, sadaf qutichaga solgan, «Buni Bay¬ram¬xon bizdan shoh Tahmaspga sovg‘a qilib eltgay», degan edi. Olmos qirralaridagi behisob nurlar jilvasi osmondagi g‘uj-g‘uj yulduzlarni eslatar, o‘zi ham gumbaz shakliga o‘xshagani uchun Humoyun uni «Samoyinur» deb atar edi. Tumorning alohida bir qatida Ko‘hinur turibdi, boshqa qatlarida o‘ntacha yirik yoqutlar bor, shuning uchun salmog‘i ancha og‘ir tuyuladi. Hamida bonu bu tumorchada ulkan xazinaga barobar keladigan boylik borligini bilgani uchun uni yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqar, kecha-yu kunduz yonidan qo‘ymay asrardi. Goho Humoyunga hazilomuz  shi¬virlab:
— Men ham xazinachingizmen, ham uni ko‘tarib yuradigan karvoningizmen, ulufani*  ko‘proq to‘lang,— derdi.
— Mol-u jonim bari sizga ulufa, — deb javob berardi Humoyun.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:04:27
Bu yashirin xazinani maxfiy saqlash oson emas. Ayniqsa safarda, mehmonda har xil kutilmagan holatlar bo‘ladi. Sadoqatli kanizi Aminat Qandahorda qolgandan beri Hamida bonuga beluj ayol Oysha bibi bilan Ravshan ko‘kaning xotini qarashib yurardi. Ravshan ko‘ka Komron mirzo bilan bir onani emgan va ko‘p yil uning xizmatida bo‘lgan bek edi. Qo‘li egriligi uchun Komron uni jazolamoqchi bo‘lganda Sind bo‘yida Humoyun tomonga qochib o‘tgan edi. Mana shu Ravshan ko‘kaning xotini yangi olingan kanizlar orqali Hamida bonuning juda ehtiyot bilan saqlaydigan vazni og‘ir tumori borligini, begim hatto bosh yuvganda, kiyim almashtirganda ham bu tumorni hech kimga bermasligini eshitib qoldi. Bu sir Ravshanbekning Xo‘ja G‘ozi degan qadrdoniga ham ma’lum bo‘ldi. Ular tumorni xotinlar yordamida qo‘lga tushirish uchun payt poylay boshladilar.
Hamida bonu Mohim enaganing so‘nggi xatini o‘qigan kuni o‘g‘ilchasining tilga kirgani va yurib ketgani haqidagi tafsilotlar butun xayolini shunday qamrab oldiki, boshini yuvish uchun g‘uslxonaga kirganda tumorni kiyimlari bilan boshqa xonada unutib qoldirdi. Yuvinib, taranib, kanizi yordamida kiyinayotganda tumor ko‘ziga tashlandi-yu, darhol qo‘liga olib qaradi. Vazni ancha yengillashib qolganini sezib yuragi shig‘ etib ketdi. Bu yerga kim kirib chiqqanini kaniz ham bilmay qolgan, o‘g‘rilar tumorni so‘kib, beshta yirik-yirik badaxshon la’lini olishgan, uni boshqa rangdagi ip bilan ko‘klab tikib qo‘yishga ham ulgurishgan edi. Faqat Ko‘hinurni olishga jur’at etisholmagan edi — bunday katta olmosga xaridor topish amrimahol, uni sotguncha qo‘lga tushib qolish hech gap emas edi.
Hamida bonu ich-etini yeb, bir necha kungacha dardini kimga aytishini bilmay yurdi. Hali ham haram uchun javobgar bek — tog‘asi Xo‘ja Muazzam edi. Hamida bonu uch kun o‘tgach, tog‘asiga voqeani aytib berdi:
— Hozircha, hazratimga bildirmay turing, — dedi Xo‘ja Muazzam. — Agar begona o‘g‘ri kirsa tumorni paqqos olib keta qolardi. Bu razil ishni o‘zimiznikilar qilgan. Biz Anbar Nozir bilan o‘zimiz taftish o‘tkazgaymiz.
Bu orada Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka Qazvin bozorlaridan eng qimmatbaho to‘bichoq otlar va buyumlar sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Taftishga usta Anbar Nozir ot sotgan savdogarlar huzuriga bordi:
— Bu odamlar katta qarzni to‘laydigan badavlat kishilar emas, nechun quruq  va’dalariga ishonib, qimmatbaho otlarni berib yubordingiz? — dedi.
Savdogar beparvo turib:
— Siz ularni bilmas ekansiz, — dedi. —  Qo‘llarida shunday javohirlari borki, bir emas, yuzta otga yetgay. Menga ikkita la’lni ko‘rsatishdi. Shunday bebaho la’lki, uni sotib olishga ancha-muncha zargarning puli yetmagay. Badavlat bir xaridor topsalar, otimning pulini ortig‘i bilan keltirib berishgay.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:04:43
Shundan keyin Anbar Nozir Xo‘ja G‘ozining xizmatkorini yashirincha so‘roq qildi. Xo‘ja G‘ozi bir narsani telpagi ichiga tikib olganini, kechasi shu telpagini xaltaga solib, yostig‘i tagiga qo‘yib yotishini aniqladi. Nihoyat, bir kun Xo‘ja G‘ozi humoyunning qabuliga kirganda Xo‘ja Muazzam ham ruxsat so‘rab kirdi. Podshoning ko‘zi oldida Muazzam Xo‘ja G‘ozining telpagini boshidan hazillashgan kabi yulqib oldi. Ikkita xo‘ja g‘ijillashib qoldi. Biroq ko‘p o‘tmay telpak qatiga tikib qo‘yilgan qimmatbaho la’llar topildi-yu, Humoyun uni tanidi.
— Buni kim o‘g‘irladi? — deb qahr bilan so‘raganda Xo‘ja G‘ozining semiz gavdasi dir-dir qaltiray boshladi. U butun aybni Ravshan ko‘kaga to‘nkadi.
Qolgan uchta la’l Ravshan ko‘kadan topildi. Boshqa vaqt bo‘lganda Humoyun o‘g‘rilarni ayovsiz jazolagan bo‘lardi. Lekin musofir yurtda behuda shov-shuv ko‘tarilishidan iymandi-yu, ularni urishib, so‘kib uch-to‘rt kun xonaki hibsda saqladi.
Yurtdoshlari oldida bosh ko‘tarib yurolmay qolgan Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka hibsdan bo‘shaganlaridan so‘ng Humoyunni suymaydigan eshikog‘a Validbekning oldiga himoya so‘rab bordilar. Ular Validbekning boshda Humoyunga qarshi bo‘lganini, «bu temuriyzoda Xurosonni bizdan ajratib olgay» deb xavfsiraganini bilar edilar. Endi ular Validbekning haqligini ko‘rsatadigan turli gaplarni va Humoyun¬ning ichki ishlarini shohga ma’lum qilmoqchi bo‘l¬dilar. Validbek oraga tushib ularni axiyri shohning huzuriga olib kirdi.
Shoh Tahmasp avval Ravshan ko‘kani, so‘ng Xo‘ja G‘ozini yakkama-yakka qabul qildi.
Kobuldan kelgan Komron elchisi Sulton Muham¬mad Humoyunning niyati yomonligini, Qandahor olinguncha shohga yolg‘on va’dalar berib, keyin bu viloyatni o‘ziniki qilib olishini aytgan edi. Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka bu haqda Humoyundan qanday gap eshitgan bo‘lsalar yoniga o‘zlaridan qo‘shib-chatib, shohning yuragiga g‘ulg‘ula soldilar:
— Olampanoh, Humoyunning yolg‘onga ustaligini sizga bergan in’omlaridan ham bilmoq mumkin, — dedi Ravshan ko‘ka. — U kishi sizga Bayramxon orqali Ko‘hinur olmosini hadya qilgani yolg‘on. Ko‘hinur olmosi xotinining tumorchasida yashirig‘liq turibdir. Biz buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, hazrati shahanshoh!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:04:58
Shohning qoshlari chimirilib, mo‘ylovlarining uchi pastga osilib qoldi. Nahotki o‘sha gumbazsimon go‘zal olmos Ko‘hinur bo‘lmasa? Shoh o‘z singlisiga: «Ko‘hinur budir!» deb ko‘rsatgan edi. Endi uning gapi yolg‘onga chiqadimi? Bu gapni inilari ham eshitgan, «Ko‘hinur endi bizim og‘amiz tojini bezayur», deb iftixor qilishgan edi. Bu iftixorning tagi puch chiqsa, Tahmasp o‘z yaqinlari oldida qanchalik noqulay ahvolda qoladi!
Shoh Tahmasp ikkinchi bo‘lib kirgan Xo‘ja G‘ozining mayda-chuyda ig‘volarini eshitgandan so‘ng, Ko‘hinur to‘g‘risida gap ochdi:
— Siz ham Ko‘hinurni ko‘rmishsiz?
— Ha, olampanoh, begimning tumorida ko‘r¬mish¬men! — dedi Xo‘ja G‘ozi. — Sizga Bayramxon keltirgan olmos gumbazsimonmi? Unga «Samoyinur» deb nom berilgan. Ammo u Ko‘hinurdan ikki barobar kichik! Faqir ikkovini ham ko‘rganmen...
Boshqa olmosni Ko‘hinur deb xato qilgani Tahmaspga endi juda alam qildi. Humoyun undan panoh istab kelgan paytda ham o‘zini shunchalik baland olar ekanki, eng buyuk Ko‘hinur olmosini xotinida qoldirib, boshqa kichikrog‘ini shohga yuboribdi. Tahmasp bunday kalondimog‘larning ko‘¬pini ko‘rgan, ko‘pining jazosini bergan! Bu temuriyzodaning adabini berib qo‘yish ham uning qo‘lidan keladi!
Shoh o‘z o‘yini shu tarzda yakunladi-yu, Valid¬bekni chaqirib, Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘oziga durustroq joy berishni va ulufa tayinlashni buyurdi. Shu kundan e’tiboran bu ikkovi ham Tahmasp xizmatiga o‘tdi.

____________
* U l u f a — ish haqi, maosh.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:05:13
*  *  *

Musofirlikda ham o‘z yurtdoshlarining tirnog‘i tagidan kir kavlaydigan odamlar Humoyunning shoh Tahmaspga bog‘liq bo‘lgan mushkul ishlarini yanada murakkablashtirdi. Boshqa bir yurt hukmdorining qovog‘iga qarab mute bo‘lib yashashning qanday ruhiy azoblari borligini u birinchi bor Mashhadda qirq kun shohning navbatdagi ko‘rsatmasini kutib qolganda sezgan edi. Uni birga olib yurgan Ja’far Sulton Humoyunning shia mazhabiga o‘tishini va o‘ng ikkita qirmizi yo‘l-yo‘li bor dostor kiyib, imom Rizo masjidiga ziyoratga borishini maslahat berdi. Biroq Humoyun otasining Samarqandda shia dostorini boshiga kiyib ko‘rinish bergani qanday yomon oqibatlarga olib kelganini unutgan emas. Shuning uchun Ja’far Sultonga:
— Janob beglarbegi, chin e’tiqod dostorda emas, dilda bo‘lur, — dedi.
O‘shanda shoh oilasining eng ma’rifatli vakili bo‘lgan Som mirzo oraga tushib, Humoyunni maz¬hab bobidagi ortiqcha tazyiqlardan xalos qildi.
Chunki halol odamlarni faqat sunniy mazhabiga o‘tmagani uchungina quvg‘in qiladigan o‘ta tajovuz¬kor shialar — mamlakatdagi ko‘p isyonlar va alg‘ov-dalg‘ovlarga sabab bo‘lgan edi. Shohning o‘zi ham o‘ta johil mazhabdoshlariga qarshi farmonlar chiqa¬rishga va kurash e’lon qilishga majbur bo‘lgan edi. Ayniqsa, Xurosonda va yangidan qo‘shilgan Shir¬vonda safaviylar sunniy aholini o‘zlariga el qilish uchun mazhab janjallaridan baland turadigan siyosat yurgizishga intilishlardi.
Oxiri mana shu siyosat Humoyurga ham qo‘l keldi. Shoh Tahmasp Humoyunga va uning yaqinla¬riga mazhab borasida ortiqcha tazyiq o‘tkazmaslik haqida ko‘rsatma berdi.
Humoyun shohdan harbiy yordam so‘ragan, Qazvindagi muzokaralar Bayramxon yordamida du¬rust boshlangan, Tahmasp kattagina ko‘mak va’da qilgan edi. Mana shu orada shoh tomoniga qochib o‘tgan Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘ozilarning ig‘vosi boshlandi-yu, amal-taqal bilan zo‘rg‘a yechilayotgan muammolar battar chigallashib ketdi. Shoh muzoka¬ralarni to‘xtatdi va bir oygacha Humoyunni qabul qilmadi. Bu orada Shirvondan noxush xabarlar keldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:05:28
Bundan besh-olti yil avval shimoldagi Ozarbayjon yerlari — Hazar dengizi bo‘yidagi Boku, Kuraning o‘ng qirg‘og‘idagi Shamaxi, Mug‘an dashti bari shirvonshohlar hukmi ostida edi. Shoh Tahmasp shirvonshohlarni yenggandan so‘ng shimoldagi ozarbayjon yerlari janubdagi viloyatlar bilan birlashdi. Ilgari Kura daryosining ikki qirg‘og‘i ikki davlatga qarar va ularning o‘zaro adovati el-ulusga tashvish keltirar edi. Endi har ikki qirg‘oq bir davlat bo‘lib birlashgandan so‘ng Kura ustiga qurilgan mashhur Xudofarin* ko‘prigi juda serqatnov bo‘lib qolgan, uning ikkala tomonidagi ozarbayjonliklar, ichki urushlardan bezor bo‘lgan zahmatkash va ziyoli odamlar tinch bir istiqbolga umid bog‘lay boshlagan edi. Ammo avvalgi shirvonshohlarning tarafdorlari hali u yerda, hali bu yerda bosh ko‘tarishardi. Hatto shoh Tahmaspning inisi Alqas mirzo ham Shirvonga beglarbegi bo‘lib borgandan so‘ng o‘zicha mustaqil davlat tuzishga urinib ko‘rgan edi. Bundan xabar topgan shoh Tah¬masp Qazvindan Shirvonga o‘n ming qo‘shin bilan bordi. To u inisini qattiqqo‘llik bilan o‘ziga itoat ettirib, Xudofarin ko‘prigi orqali Qazvinga qaytib kelguncha Humoyun uning yo‘liga qarab kutib o‘ltirdi.
Nihoyat, sumbula kirgan kunlarda Tahmasp uni o‘zining Chilsutun qasrida qabul qiladigan bo‘ldi. O‘sha vazir Validbek Humoyunni shohning xonayi xosiga boshlab kirdi.
— Hazrati shahanshoh, Shirvondagi yangi g‘alabalar bila sizni chin dildan muborakbod etgali keldim, — deb gap boshladi Humoyun.
Shoh avvallari Humoyunni doim o‘rnidan turib qabul qilar va o‘ng yoniga o‘tkazar edi. Bu gal o‘ltirgan ko‘yicha unga chap tomonidan uch-to‘rt qadam naridan joy ko‘rsatdi. Humoyun Tahmaspdan olti yosh katta edi. Otasining «kattalar ko‘tarimli bo‘lgay» degan gapini yana bir esladi. Shohning kamsitishiga ahamiyat bermaslikka tirishib, mayin kulimsiradi-da, ko‘rsatilgan joyga cho‘kka tushdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:05:44
— Olampanoh, biz sizdan ko‘p marhamat ko‘r¬dik,— dedi. — Endi ijozat bersangiz, yurtimizga qaytsak...
— Xansi* yurtingizga qaytajaksiz? — kinoyaomuz so‘radi shoh.
— Hozircha Qandahorga... Siz va’da qilgan ko‘mak ila uni olsak, o‘zingizga in’om etgaymiz. Biz o‘g‘limiz bilan Hindga qaytish orzusidamiz.
— Hindiston sizning yurtdur? — deb shoh yana kinoya qilib so‘radi.
Humoyun ichida, «tangrim, o‘zing bardosh ber», deb, bu istehzoga ham chidadi.
— Hindiston — biz farzandi o‘ldig‘imiz yurtdir,— deb Humoyun bitta so‘zni ataylab ozarbayjoncha aytdi.
Shoh ko‘zlarini qisib Humoyunga sinovchan nazar bilan tikildi...
— Eron buyukmi yoki sizning Hindiston buyuk¬roq?
Poygakda o‘ltirgan Validbek birdan sergaklandi, shoh «Eron buyukroq» degan gapni eshitsa mamnun bo‘lishini Humoyun ham sezdi. Lekin bunday desa shohga ochiqdan ochiq xushomad qilib yolg‘on gapiradiganday ko‘rindi-yu, xiyol taraddudlandi.
— Eronning... buyuk madaniyati, buyuk tarixi bordir... shunday tarix, shunday madaniyat Hindis¬tondada var. Ammo Hindistonning aholisi ko‘proq, maydoni ham buyukroqdir, olampanoh.
Bu gaplar shohning qulog‘iga: «Men ham sendan buyukroqmen, shuning uchun eng ulkan Ko‘hinur olmosini o‘zimda olib qolganmen!» degandek eshitildi. Shohning birdan jahli chiqdi. Uning qizishgan paytda mantiqni tan olmaydigan odati bor edi.
— Siz bizdan buyukroq o‘lsangiz nechun Hindistondan bura* panoh istab keldingiz? Dasto¬ringizga Ko‘hinur olmosini taqqaningiz uchungina bizdan buyukroq o‘lmayajaksiz!
Bu achchiq izg‘irin qayoqdan esayotganini Humoyun Ko‘hinur olmosi tilga olinganidan so‘zdi. Bu olmosni Hamida bonuning tumorida ko‘rgan Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘ozining izg‘irini. Bu razil o‘g‘rilarni zindonga tashlatish o‘rniga, ularga tanbeh berish bilan cheklanib, ortiqcha bir yumshoqlik qilgani uchun Humoyun yana o‘zini koyidi: «Qil¬gan xatoingning jazosi mana shu, endi shohning barcha tanbehiga chidaysen!».
Tahmasp yuragida to‘planib qolgan gina-qudratlarni aytib, ko‘nglini sal bo‘shatgandan so‘ng, Humo¬yun sekin bosh ko‘tardi:
— Hazrat shahanshoh, tog‘dan ko‘ra samo buyukroqdir. Shuning uchun men sizga Ko‘hinurni emas, Samoyinurni yuborgan edim... Oraga ig‘vo urug‘ini sochgan odamlarni yomonlashga esa mening tilim bormaydir. Chunki ne qilsa ham ular mening yurtdoshlarim. Hozir biz sizning ixtiyoringizdagi mehmonlarmiz. Bizni bor qilishga ham, yo‘q qilishga ham siz, albatta, qodirsiz. Bir o‘lim hamisha boshimizda bor. Men hech vaqt undan qo‘rqib qochgan emasmen. Agar mendan ayb o‘tgan bo‘lsa, mayli, buyuring!
Humoyun Tahmaspning ko‘zlariga dovtalab bo‘lgan kabi tik qaradi. Shoh ham uning ko‘ziga ko‘zini qadagan holda: «O‘limdan qo‘rqmasligingni ko‘ryurmiz!» degisi keldi, ammo boshqa gapni aytdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:06:00
— Ayb deyil*. Ov qilyurmiz! Chorshanba kuni o‘rmonda, Albrus dog‘inda. Sizi taklif etyurmiz.
Hozir Humoyunning ko‘ngliga ov sig‘masa ham, lekin bu gaplarning tagida boshqa ma’no borligini sezib, shohning taklifini qabul qildi.

______________
* X u d o f a r i n — bu ko‘prik hozir ham Eron bilan Ozarbayjon chegarasida turibdi.
* X a n s i — qaysi.
* B u r a — bu yerga.
* D ye y il — emas.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:06:16
*  *  *

Ov uchun Elbrus tog‘ining xatarli uchmalari ko‘p bo‘lgan va mashhur temir daraxtlari o‘sadigan o‘rmonzor yonbag‘irlari tanlandi. Ovga chiqqan qizilbosh beklari orasida Yoqub Sherafkan nomli pah¬lavon yigit ham bor edi. U Mozandaron o‘rmonlarida yo‘lbars bilan olishib, uni yenggan, terisini shilib, shohga taqdim qilgan edi. Tahmasp unga Sherafkan deb nom bergan, yo‘lbars terisining eni yarim qarich keladigan uzun bir parchasini uning o‘ziga esdalik qilib qaytargan edi. Yoqub Sherafkan hozir ovda ham o‘sha bir tilim yo‘lbars terisini o‘ng yelkasiga bog‘lab, ikki uchini belidagi kamarining oldiga va orqasiga mahkam qistirib olgan edi. Bayramxon uni uzoqdan Humoyunga ko‘rsatdi-yu, qulog‘iga shivirladi:
— Xundor dushmaningiz ana o‘sha! Bundan yigirma besh yil oldin uning amakisi Bobur hazratlaridan qasd olmoqchi bo‘lganda, shoh Ismoil qo‘ymagan ekan.
— Bunisi endi mendan kimning qasdini olmoqchi emish?
— O‘sha otasining qasdi. Qarshida begunoh aholini qatliom qilgan ashaddiy shialardan biri shu Yoqubning otasi ekan. Keyin Hisorda sizning otangiz uni shu ishi uchun o‘limga buyurgan ekan. Bu hodi¬salar bo‘lgan paytda siz ham, Yoqub Sherafkan ham ikki-uch yashar bola bo‘lgansizlar. Lekin bularda odat shundayki, qasd olinmaguncha xundor dushmanlik avloddan avlodga o‘tavergay.
— Bu qasd — bizga qarshi suiqasdga aylansa-chi? Shohning bundan xabari bormikin?
Bayramxon tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
— Menga Som mirzo yashiriqcha aytdi. Oraga tushgan sovuqlikni Validbek istifoda qilmishdir. Agar shoh qat’iy man etsa, Yoqub uning aziz mehmoniga tajovuz qila olmas edi. Biroq o‘zimiznikilar oraga nifoq soldilar. Shundan keyin shoh ko‘rsatma beribdir: «Yoqub pahlavon kuchini ko‘rsatsa mayli, ammo o‘q otilmasin, qurol ishlatilmasin», debdir... Bu tog‘da buzuq zovlar, o‘ngirlar ko‘p ekan. Juda ehti¬yot bo‘lgaysiz, hazratim. Hasanali eshik og‘a, men, yana yigirma qo‘riqchi yigit sizning himoyangizda sobitmiz. Yoqub Sherafkanning ham yigirmadan ortiq yigi¬ti bor. Siz arxar ovlaganda, ular sizni ovlashlarini unutmang.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:06:32
Bunday xatarli damlarda Humoyun o‘zining butun vujudida alohida bir safarbarlik sezar, borlig‘i ko‘zga va quloqqa aylanib ketganday, har bir sharpani juda tez ilg‘ardi. Bugun u tog‘larda yaxshi yuradigan eng baquvvat va hushyor jiyron qashqa badaxshoniy otini minib chiqqan edi. O‘zining yosh yigitlik paytida Badahshonda, Pomir tog‘lari orasida ot choptirib orttirgan barcha tajribasi yodiga tush¬moq¬da edi. Arxarlar tog‘ning baland qoyatoshlari orasida bo‘lar, maxsus odamlar ularni shoh Tahmasp va Humoyun turgan yonbag‘irlarga haydab tushishga harakat qilishardi. Lekin bu chaqqon jonivorlar toshdan toshga sakrab, yana baland uchmalar tomonga qochishardi. Humoyun shohning oldida qo‘rqoq ko‘rinmaslik uchun o‘sha uchmalardan birining tepa¬siga ot choptirib chiqdi-yu, to‘rtta arxardan birini yoy o‘qi bilan urib yiqitdi. U bilan ketma-ket chiqib kelgan Bayramxon va Hasanali ham bittadan arxar otishdi. Ular ov shavqiga berilib, o‘zlarining ketidan pisib kelayotgan Sherafkanni unutgan edilar. Qar¬shidagi toshloq yonbag‘irda yana bir kiyik Humoyun¬ning ko‘ziga tashlandi. Tog‘ning musaffo havosida uzoqlar ham yaqin ko‘rinadi. Humoyun, «pastdagi jilg‘adan o‘tsam, narigi yonbag‘irga bir lahzada yetaman», deb o‘yladi-yu, qizishib terlagan otining jilovini soy tomonga burdi. Biroq unga oddiy jilg‘a bo‘lib ko‘ringan pastdagi soy — uch terak bo‘yi keladigan uchurimli tosh jar ekan, uning tagidan oqayotgan suvning faqat guvillashi eshitilar, ammo o‘zi ko‘rinmas edi. Chetlarini qalin butalar va temir daraxtlari pana qilib turgan tosh jarni Humoyun yaqin borganda ko‘rdi. Pastda qorayib turgan o‘ngir uning vahmini keltirdi. Yaqin orada ot sakratib o‘tadigan joy yo‘q, tosh jardan pastga qulagan odam chilparchin bo‘lib ketishi hech gap emas. Ot ham buni sezib to‘xtadi. Humoyun jarni aylanib o‘tadigan joy bormikan deb, jilovni o‘ngga burdi-yu, atrofga alang-jalang ko‘z yugurtirdi.
Shu payt allanarsa shamolday chiyillab boshining yonidan uchib o‘tdi-yu, yonidagi temir daraxtining shohi qattiq silkinib ketdi. Shu zahoti nimadir ilonday shaloplab yerga tushdi. Bu — sirtmoq edi. o‘ng qadamcha narida bo‘z ot minib turgan Yoqub She¬rafkan sirtmoqni Humoyunning bo‘yniga ilinadigan qilib tashlagan, ammo oradagi daraxt shoxi xalaqit bergani uchun arqon mo‘ljalga ilinmay yerga tushgan edi. Ellik qadamcha narida ot choptirib kelayotgan Bayramxon bilan Hasanalining yo‘lini bir talay qizilbosh otliqlar to‘sib olishdi. Sherafkanning o‘zi va o‘ntacha qizilboshlar Humoyunni uch tomondan o‘rab olishdi. Faqat jar tomon ochiq qoldi. Ular Humoyunning otiga orqadan qamchi urib, uni uch tomondan qisib, tosh jarga surib bora boshladilar. Jonivor jiyron qashqa boshini orqaga siltab, to‘rt oyog‘ini yerga har qancha tirasa ham, jar tomon nishab bo‘lgani uchun ortdan surib kelayotganlarning zalvori zo‘rlik qildi. Humoyun o‘ng tomonida odam siyrakroq ekanini, faqat bitta qizilbosh uni o‘ngga burilgani qo‘ymay qisib kelayotganini ko‘rdi. Jilovni  qo‘yib yubordi, oyog‘ini uzangidan bo‘shatdi-da, bir sakrab, o‘ngdagi qizilboshning orqasiga mingashib oldi, o‘sha zahoti uni egardan ag‘darib tashladi. Darhol bo‘sh egarga tarmashib, jilovni qo‘liga oldi. Otni o‘ngga burib to‘pdan chiqayotganda yana talpinib, egarga mindi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:06:47
Shu asnoda Humoyunning badaxshoniy oti baland tosh jardan pastdagi o‘ngirga qulab tushar ekan, hayot bilan vidolashgan kabi achchiq bir kishnadi. Egardan ag‘darilgan qizilbosh esa otlar oyog‘i tagida qolib qichqirdi va jar labidagi butaga tarmashib, safdoshlaridan yordam so‘ray boshladi. Bir qism qizilboshlar u bilan andarmon bo‘ldi, ammo Sheraf¬kanning o‘zi qilich yalang‘ochlab, Humoyunning ketidan ot choptirdi.
Bayramxon, Hasanali va boshqa qo‘riqchi yigitlar oradagi yo‘lni to‘sib turib olgan qizilboshlarning otlariga qamchi urib, baqirib, Humoyunning oldiga o‘tishga intilmoqda edilar. Axiri Hasanali ham qilich yalang‘ochladi-yu, qizilboshlar qurshovini yorib o‘tdi va Humoyunga hamda qilib kelayotgan Sherafkan¬ning qarshisidan chiqdi. Biroq Sherafkan otini jilovidan tortib old oyoqlariga turg‘izdi va yuqoridan Hasanalining boshiga shunday qilich urdiki, o‘tkir isfahoniy tig‘ bosh suyagini tarvuzday ikki pallaga bo‘lib tashladi. Hasanalining yelkalari, otining yoli qonga belanib, o‘ligi egardan qulab tushar ekan, Sherafkan Bayramxonga qichqirdi:
— Araya* tushsang sen ham o‘lyursan! Qo‘y, men xundor dushmanim ila olishay!
Humoyun ham qilichini sug‘urar ekan, qon to‘kishga tayyor turgan boshqa qizilboshlarga qarata:
— Senlar ham oraga tushmanglar! — deb qich¬qirdi.
Ikki ot bir-biri bilan ayqashib, ikki qilich bir-biriga balo-qazoday urilar ekan, hozirgina begunoh halok bo‘lgan Hasanalining qasosi ham Humoyunga kuch berganday bo‘ldi. Hozir u faqat o‘zini emas, begunoh qatl etilgan Qarshi aholisining xotirasini, ularga yon bosgan otasining ruhini, Qazvinda iztirob chekib o‘ltirgan Hamida bonuni, Qandahorda yetim boladay qolib ketgan o‘g‘ilchasining kelajagini ham himoya qilayotganini butun borlig‘i bilan his qilardi. Hozir bularning hammasi unga madad berayotganday vujudiga cheksiz bir kuch, jur’at, chapdastlik quyulib kelardi. U yoshlikda ikki qo‘llab qilich chopishga o‘rgangan edi. Qazvinda shohning qarorini kutib oylar davomida zerikib yurgan paytlarida o‘ng qo‘lini orqasiga bog‘lab qo‘yib, chapaqayiga qilich chopishlarni qayta-qayta mashq qilgan edi. Hozir ana o‘sha mashqlar unga juda asqotdi.
Sherafkan yuzma-yuz qilich solib, uni yengolmagandan so‘ng, temir daraxtini aylanib o‘tib, Humo¬yunga chap tomondan qilich urmoqchi bo‘ldi. Buni ko‘rgan Humoyun qilichini darhol chap qo‘liga oldi. Sherafkan uning chapaqayiga ham qilich ura olishini bilmay ehtiyotsiz bir harakat qilgan edi, Humoyun qulay paytdan foydalandi. Uning chap qo‘l bilan urgan qilichi Sherafkanning yelkasi aralash gardanini qattiq yarador qildi. Sherafkan qilichini qo‘lidan tushirib yubordi, hushidan ketib otdan yiqiladigan bo‘lganda yigitlari kelib suyab qolishdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:07:02
Bu olishuvni tog‘ tepasida Validbek bilan Som mirzo ko‘rib turgan edilar. Validbek ot choptirib kelib Humoyunga da’vo qildi:
— Siz nechun ovda qilich yalang‘ochlab, bizim bekni yarador etmishsiz?!
Ammo Bayramxon Yoqub Sherafkanning o‘zi aybdor ekanini aytib, begunoh halok bo‘lgan Hasanalining jasadini ko‘rsatdi. Som mirzo Humoyunning shunday tahlikali holatda o‘zini mardona tutganidan juda ta’sirlangan edi. U akasi Tahmaspning oldiga borganda butun voqeani batafsil aytib berib, Humoyunni yoqladi.
Shohning singlisi Shohzoda Sultonim odatdagiday baland bir joyda otliq turib akasining kiyik ovlashini tomosha qilgan, tosh jar labida bo‘lib o‘tgan hodisani o‘zi ko‘rmagan bo‘lsa ham, boshqalardan eshitgan edi. Humoyunning oti tosh jardan qanday qulab ketgani, uning o‘zi boshqa otga sakrab minib qanday jon saqlagani, so‘ng chap qo‘l bilan qilich chopib, Sherafkanday pahlavonni qanday yenggani Shohzoda Sultonimni hammadan ko‘proq hayajonga soldi. Ovchilar orasida shohning xolis kuzatuvchilari ham bor edi. Ular ham shohga kelib axborot berganda mehmonning jasoratiga qoyil bo‘lganlari sezilib turardi. Atrofidagi shuncha odamning gapi bir joydan chiqqandan so‘ng, shoh Tahmasp ham Humoyunga tan bermay iloji qolmadi.
— Sherafkan bizim farmonimizni buzmishdir, yaraliq o‘lgani uchun o‘zi aybdor! — dedi Tahmasp qurol ishlatmaslik haqida bergan farmoyishini Validbekka eslatib. — Ammo Mirzo Humoyun bizim oliy ko‘nag‘imizdir*. Onga oliy e’zoz lozimdir!
Humoyunning o‘ngirga qulab ketgan oti o‘rniga shohning o‘zi uchun yetovda olib kelingan va egar-jabdug‘i oltin bilan ziynatlangan chiroyli oq arg‘umoq taqdim etildi. Otning oq rangi ham orala¬ridagi kudurat ko‘tarilganini hammaga namoyish etganday bo‘ldi. Begunoh halok bo‘lgan Hasanalining oilasiga shoh o‘z xazinasidan kattagina nafaqa tayin etdi. Kechki payt ovda otilgan kiyiklar, kakliklar, hilol qushlar go‘shtidan shohona taomlar tayyorlandi. Tahmaspning qirmizi rangli ulkan saqarlot borgohiga Humoyun bilan Bayramxon taklif etildi. Tahmasp Humoyunning kattaligini endi tan olgan kabi uni to‘rdagi joyga o‘tqazdi. Oltin jomlardagi mayinoblarga kiyik va kaklik kaboblari gazak qilindi. Xiyol kayf qilganlaridan so‘ng Tahmasp ochilib so‘zladi:
— Mirzo hazratlari, men tarix kitobida o‘qimi¬sham, Sizning bobokaloningiz Amir Temur-da har ikki eli* ila chox yaxshi qilich chapmishdir. Siz chap el ila qilich chopmoqni Temur bobongizdan uyranmishsiz?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:07:19
— Siz haqsiz, olampanoh. Bugun chap el ila chopgan qilichim ham menga Sohibqiron bobokalonimdan meros qolmishdir.
Shoh Tahmasp bu gapdan xiyol taajjublandi:
— Sizda Amir Temurning qilichi bordir?
— Bor, marhamat, ko‘ring, — deb Humoyun beliga taqilgan oltin sopli qilichni g‘ilofidan sekin olib ko‘rsatdi: — Amir Temurning muhrlariga «rosti-rusti» — degan so‘zlar o‘yib yozilgan ekan. Xuddi shu ikki so‘z bu qilichga ham bitilgan. Qarang!..
Shoh Tahmasp qilichning sopidan pastrog‘iga zargarona harflar bilan qadama* qilib bitilgan «rosti-rusti» so‘zlarini o‘qidi-da:
— Vah! Vah! — deb zavqlandi.
—Ma’nosini anglagandirsiz olampanoh?.. «Kuch— adolatdadir» degan e’tiqodni mening dilimga jannatmakon otam ham singdirganlar, bu qilichni asrab-avaylab menga yetkazib berganlar. Men uni bugun¬gidek adolat uchun kurashgan paytlarimda taqurmen. Boshqa vaqtda ehtiyot qilib asraymen. Toki bu adolat qilichi bizdan keyingi avlodlarga ham nasib etsin!
Qilich qiniga  qaytarib solingach, Shoh Tahmasp Amir Temurning Yildirim Boyazid ustidan erishgan g‘alabasini maqtab ketdi:
— Temur bobongiz Anqara yaqinida Boyazidni tor-mor etgani bizim Tabriz-u Qazvinlar uchun-da cho‘x xayrli zafar o‘lmishdir.
Safaviylar bilan turk sultonlari orasidagi nizolar hozir yana avjiga chiqqan edi. Turklar Tabrizni bosib olgandan so‘ng safaviylar poytaxtni Qazvinga ko‘chi¬rishga majbur bo‘ldilar. Shu bezovtaliklar davrida turk sultonlarining Temurdan tor-mor bo‘lgan paytlarini eslash Tahmaspga alohida mamnuniyat baxsh etar va Humoyunni bugungi jasorati uchun e’zozlash imkonini berardi.
— Biz sizning barcha istaklaringizni bajo etyurmiz, — dedi u yana sal kayfi oshgach va Humoyun¬ning qulog‘iga shivirladi: — Ko‘hinur buradami?*
Humoyunning yuragi shig‘ etdi.
— Ko‘hinur... Qazvinda.
— Bir ko‘rmoq istaram...
— Bajonidil. Qazvinga qaytsak, huzuringizga eltgaymen.
Ichida esa «mayli, bosh omon bo‘lsa olmos topilgay» deb, Ko‘hinur bilan o‘zicha xayrlashib ham qo‘ydi.

____________
* A r a ya — oraga.
* K o‘ n a h — mehmon.
* E l i — qo‘li demakdir.
* Q a d a m a — qadab mahkamlangan, instruktatsiya qilingan.
* B u r a d a — bu yerda.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:07:35
*  *  *

Qazvinning Chilsutun qasri ichida Nigorxona deb ataladigan va kamdan kam odam kira oladigan nafo¬sat makoni bor edi. Kamoliddin Behzod va uning sho¬girdlari chizgan, har biri yuz ming oltin tangaga ham sotilmaydigan noyob rasmlar mana shu Nigorxonada saqlanardi. Behzodning o‘zi bundan olti yil avval vafot etgan, u asos solgan Nigorxona ishlariga hozir Sulton Muhammad ismli mashhur naqqosh va rassom mutasaddi qilib tayinlangan edi. Tahmasp bolaligidan rasm chizishni yaxshi ko‘rar, otasi Shoh Ismoil uni yetti-sakkiz yoshida Kamoliddin Behzodga shogirdlikka bergan edi. Nigorxonaning devorlariga naqshlangan rasmlar orasida Tahmaspning musaffo bolalik ko‘zi bilan ko‘rgan ov manzarasini aks etti¬ruv¬chi surati ham bor edi.
Bugun peshin namozidan so‘ng shoh Tahmasp, uning singlisi Shohzoda Sultonim, Humoyun va Hamida bonu — to‘rtovlari shu Nigorxonani yana bir tomosha qilgani keldilar. Ularga peshvoz chiqqan san’atkorlar orasida asli termizlik bo‘lgan Mir musav¬vir va uning o‘g‘li Mirsaid Ali ham bor edi. Hu¬moyun avval kelganda ular bilan uzoq suhbatlashgan, chizgan suratlarini ko‘rib, iste’dodlariga qoyil bo‘lgan: «Agar tangrim bizni murodga yetkazsa, sizlarni Kobulga yoki Agraga taklif etgaymen, borurmisizlar?» — deb so‘ra¬gan edi. Shunda har ikki musavvir borishga tayyor ekanlarini, ammo shoh ruxsat bermasligini aytgan edilar. Humoyun shohdan ruxsatni o‘zi olmoqchi bo‘lgan va buning uchun qulay fursatni kutib yurgan edi.
Bugun Humoyun boshqa noyob rasmlar qatori Tahmasp chizgan ov manzaralarini ham ko‘rib, undagi bo‘yoqlarning tiniqligini, tasvirlardan yosh qalbning sof bir harorati sezilib turishini shohning o‘ziga juda yoqadigan qilib aytdi. Hamida bonu ham Nigorxonadagi ajoyib rasmlardan olgan zavqini Tahmaspning o‘zi chizgan suratga qo‘shib gapirdi. Shoh bu maqtovlardan yayrab, erib turganda Hu¬moyun bir chetda odob saqlab qo‘l qovushtirib turgan Mir Said Alini ko‘rsatdi-da:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:07:50
— Hazrat shahanshoh, sizning Nigorxonangiz bebaho gavharlar bilan to‘lmishdir, — dedi. — Mir musavvir asli termizlik ekan. Agar izojat bersangiz, men uni o‘g‘li bilan Kobulga olib ketsam. Toki siz¬ning tarbiyangiz bilan orttirgan san’atlarini boshqa mamlakatlarga ham tarqatsalar. Bu bilan sizning shuhratingiz butun olamga yoyilajakdir.
Shoh Mir Said Aliga qoshini chimirib qaradi, so‘ng Humoyunga yuzlanib miyig‘ida kuldi.
— Bizim bu musavvirlar gavhar yaraturlar. Har bir suratini gavhar yanglig‘ o‘ng tuman sekkaga* ham bermayurlar.
— Ammo biz bularning xarajatlari uchun shoh hazratlariga ming tuman* to‘lashga ham tayyormiz.
— Yaxshi, siz avval Kobulga qayting, so‘ngra o‘ylab ko‘ryurmiz, — dedi Tahmasp.
Kobul yo‘lida hali qancha to‘siqlar borligi, avval Qandahorga borib, Akbarni qutqarish kerakligi Humoyunning esiga tushdi. U shu bugun shoh bilan o‘zining orasidagi chigal tugunlarni uzil-kesil yechib olmoqchi edi. Humoyunning maslahati bilan Hamida bonu kecha oqshom Shohzoda Sultonimga uchrashgan va endi sirligi qolmagan tumorni va undagi Ko‘hinur olmosini, o‘g‘rilar telpagidan topilgan la’llarni unga ko‘rsatgan, so‘ng bo‘lgan voqeani bir-bir aytib bergan edi. Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘ozilar Validbek eshik og‘asining vositachiligida shoh xizmatiga olinganini eshitgan Shohzoda Sultonim:
— Vah, bu xato o‘lmishdir, — deb astoydil kuyundi, razil o‘g‘rilarni Mirzo Humoyun shohga aytib jazo berdirmaganidan taajjublandi. Hamida bonu Humoyunning mehmonda yurganda bunday janjallardan andisha qilishini aytdi:
— Shahanshoh hazratlari Ko‘hinur olmosini ko‘rmoqchi ekanlar, — dedi Hamida. — Marhamat, qayerga desalar biz Mirzo hazratlari bilan olib borib ko‘rsatgaymiz. Agar yoqtirsalar taqdim etgaymiz. Shu haqda hazrat og‘angiz bilan gapirishib, bizga javobini aytingiz.
Shohzoda Sultonim bugun ertalab Tahmaspga bu gaplarning hammasini batafsil so‘zlab berdi. Shundan keyin shoh bular bilan Nigorxonada uchrashadigan bo‘lib odam yubordi.
Hozir bu yerdagi nodir suratlarni gavharga qiyoslab maqtaganlarida Hamida bonu qo‘lidagi kisa¬ga solib yurgan oltin qutichani va undagi Ko‘hinurni ma’yus bir tuyg‘u bilan ko‘z oldidan o‘tkazdi. Chunki Humoyun Ko‘hinurni qurbon qilib bo‘lsa ham shoh bilan orani yaxshilamoqchi va tezroq Qandahorga borib Akbarni qutqarmoqchi edi.
Noyob suratlarni ko‘rib, qalblari nafosat zavqidan mayinlashgan holda Nigorxona to‘ridagi muhtasham xonayi xosga kirdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:08:04
Shohning ko‘ngli yumshab turgan mana shu asnoda Humoyun Hamida bonuga «olmosni bering» deganday ishora qildi. Hamida qo‘lidagi kisadan oltin qutichani olib, chap qo‘li ko‘ksida, eriga odob bilan uzatdi. Humoyun qutichani ochdi-da:
— Olampanoh, Ko‘hinurni eslatgan edingiz, mar¬hamat, — deb shohga tutdi.
Tahmasp oltin quticha ichida chindan ham nur tog‘iga o‘xshab jilolanib turgan olmosni ko‘rdi-da, qalbida kuchli bir tuyg‘u mavj urganini sezdi. Bu — go‘zallik tuyg‘usi edi. Tahmaspning bolalikdagi rassomlik iste’dodi keyinchalik rivoj topmay qolgan, o‘ng yoshida otasi o‘lib, toj-u taxt janjallari boshiga tushgach, intihosiz urush-yurushlarda qo‘li nafis mo‘yqa¬lamni tutishdan chiqib qolgan edi. Ammo uning yosh qalbida shoir otasi va ulug‘ musavvir Behzod uyg‘otib ketgan go‘zallik tuyg‘usi hali ham so‘nmagan edi. U o‘z tug‘ishganlari orasida eng sof va go‘zal inson deb bilgan singlisi Shohzoda Sultonimni bunchalik yaqin olib yurishining boisi ham — dilida yashab kelayotgan o‘sha go‘zallik tuyg‘usi, poklikka va nafosatga bo‘lgan tashnalik edi.
Hozir ming turli jilva bilan yonib turgan Ko‘hinur olmosi unga tabiat yaratgan eng noyob go‘zalliklardan biri bo‘lib ko‘rindi. Hayotda kichkina bir zarrasi ham juda kam uchraydigan olmos sofligi va mustahkamligi Ko‘hinurda tog‘day yombi bo‘lib bir joyga yig‘ilganligi — tabiatning mustasno bir mo‘jizasi ekanini Tahmasp yurakdan his qilgan sari zavqi oshib borardi.
Ammo u o‘z zavqini aytmas, Humoyun bilan Hamida bonu oldida Ko‘hinurni maqtashdan o‘zini tiyib turar edi. Chunki agar u maqtasa Humoyun Ko‘hinurni hozir unga taqdim etishi kerak — ikkovi ham tan oladigan odat shu edi.
Tahmasp zavqli bir hayajon bilan singlisiga qaradi:
— Samoyinurni ver-chi.
Sadaf qutichadagi Samoyinur Shohzoda Sulto¬nim¬¬da ekan, uni olib akasiga berdi. Tahmasp ikki olmosni ikki qo‘lida yonma-yon tutib bir-biriga so¬lishtirdi.
Kattalik jihatidan Ko‘hinur xiyol ulkanroq. Ammo go‘zallikka kelganda Samoyinurning osmon gumbazini eslatuvchi shakli va unda behisob yulduzlarday chaqnab turgan olmos qirralarining jilvasi Tahmaspga yana bir betakror mo‘jizadek tuyuldi. Narigi ikki ig‘vogar Ko‘hinurni bundan beqiyos katta deb yol¬g‘on gapirganlarini shoh endi o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turibdi. U ikki olmosni barobar tutgan holda:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:08:21
— Bu noyob mo‘jizalarning vatani o‘lmish Hindiston chindan-da buyuk mamlakatdir, — de¬di.— Ko‘hinur...
Shohzoda Sultonim akasiga xavotirlanib ko‘z tashladi. Hozir u Ko‘hinurni maqtay boshlasa, tamom, har ikki olmos ham Tahmaspniki bo‘ladi. Lekin mardlik va adolatni yaxshi ko‘radigan Shoh¬zoda Sultonim o‘z akasidan iftixor qilishni istar, undan olijanob bir saxovat kutar edi. Agar busiz ham musofirlikda qiynalib yurgan Humoyun bilan Hamida bonudan Ko‘hinur ham olinsa noinsoflik bo‘lishini kuyunchak qiz ich-ichidan sezib, iztirob chekmoqda edi. Hozir shu topda noinsoflik bilan olijanoblikning orasida go‘yo birgina qadam masofa bor. Nahotki akasi olijanoblikka tomon shu birgina qadamni qo‘ya olmasa?
Singlisining ko‘nglidan o‘tayotgan iztirobli savolni Tahmasp uning javdirab turgan ko‘zlaridan sezdi. Humoyun bilan Hamida esa taqdirga tan bergan kabi osoyishta. Ular yaxshi istiqbol uchun Ko‘hinurni qurbon qilishga tayyor turishibdi. Shoir otasidagi mardlik va tantilik Tahmaspda ham borligini Hamida bonu bilan Humoyun bilib qo‘yishlari kerak! Shoh «Ko‘hinur» deb, bir tutilib olgach, gapni boshqa yoqqa burdi:
— Ko‘hinur — yer ostinan topilmish bir tog‘. Bizim Albrus tizma dag‘i Ko‘hiqafning* shimolida yer ostinan chiqib, ikki boshli buyuk Elbrus cho‘qqisiga aylangan ekan. Rivoyatni bilyursiz: bu ikki Elbrus orasidagi tog‘lar yer ostidan o‘tyurmish. Men xayol ediramki*, Humoyun hazratlarining Hindistondan ketishi, musofirotda, quvg‘inda yurishi — tog‘ning yer ostiga tushishi yangilikdir. Ammo tog‘ — yer ostida ham buyukdir. Man buni hazrat Humoyun ovda botirlik ko‘rsatganda ko‘rmisham. Hozir Ko‘hinurni menim elima verib, chox saxovat ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarida men yer ostidagi tog‘ning buyukligini yana bir bor his etmisham. Istaramki, shu tog‘ yana yer yuziga chiqsin. Humoyun hazratlari ila Hamida begim ikkovlarining hind elidagi martabalari yana tiklansin. Shu tilak bilan Ko‘hinurni o‘zingizga qaytib berajakman. Bizga Samoyinurni taqdim etmishsiz. Biz buni eng yuksak samoviy nur o‘rnida qabul qildik. Ko‘hinur esa o‘zingizga va avlodlaringizga nasib etsin!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:08:41
Tahmasp oltin qutichani Humoyunga qaytarib berayotganda Shohzoda Sultonim akasining bu ishidan ta’sirlanib, uni yelkasidan quchdi-da, qulog‘iga shivirladi:
— Jonim sizga qurbon, hazrat og‘ajon!
Humoyun bilan Hamida ham Tahmaspning shoir otasi kabi ajoyib o‘xshatishlar qilishga va falsafiy fikrlar aytishga qodirligini endi payqadilar.
Oltin quticha Hamida bonuning kisasidan qayta joy oldi. Tahmasp ularni kuzatib qo‘yayotganda, shoir otasining Xatoyi degan taxallusi bo‘lganini, uning o‘zi ham ba’zan yomon odamlarga ishonib xato qilishini, ammo bugun shu xatosini to‘g‘rilayajagini aytdi. Humoyun ketgach, Tahmasp o‘zining Chilsutun qasriga qaytdi-da, xonayi xosga Validbekni chaqirtirdi. Eshik og‘aga birdan g‘azab qilib:
— Sen hansi kazzob o‘g‘rilarni menim dargohima boshlab kelmishsan? — dedi.
Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘ozining o‘g‘irlik qilganlarini, ayol kishining tumorini titkilaganlarini Tahmasp avval ham eshitgan, ammo chandon e’tibor bermagan edi. Lekin endi shoh ularni bu o‘g‘irliklari va ig‘vogarliklari uchun shafqatsiz jazoga buyurdi. Ravshan ko‘kaning o‘g‘irlik qilgan o‘ng qo‘li bilagidan qirqib tashlandi. Sassiq ig‘volar tarqatgan Xo‘ja G‘ozining burni kesildi-yu, abadiy manqa bo‘lib qoldi.

____________
* S e k k a — tanga. O‘ n  t u m a n — yuz ming.
* M i n g  t u m a n — o‘n million. Keyinchalik Humoyun Mir musavvir va Mirsaid Ali uchun shoh Tahmaspga o‘n million tabrizi to‘lab, shundan so‘ng ularni Kobulga olib ketgani tarixiy hujjatlarda bor.
* K o‘ h i q a f — Kavkaz tog‘lari.
* E d i r a m — etaman.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:09:08
*  *  *

Eng zo‘r istagi — tezroq janubga yo‘l olish, Qandahordagi Akbarga yetishib, undan nari Hin¬distonga qaytish bo‘lgan Humoyun nuqul shu istakka qarshi borishga, asl maqsadidan tobora uzoqlashib, yanada shimolroqqa ketishga majbur bo‘lmoqda edi. Bir yildan ortiq olib borilgan muzokaralar kech kuzda nihoyasiga yetdi, shoh Tahmasp o‘zining to‘qqiz yashar o‘g‘li Murodni, sarkardasi Budag‘¬xonni o‘ng ikki ming askar bilan Humoyunga qo‘shib Qandahorga yuboradigan bo‘ldi. Lekin bu qo‘shinni hali bir joyga yig‘ish va Humoyun rahbarligida harbiy yurishga tayyorlash kerak edi. Qazvin atroflarida shohning o‘z qo‘l ostidagi o‘ng besh-yigirma ming askar bor, ularni boqishdan tashqari ot-ulovlarini yem-xashak bilan ta’minlash oson emas, kuz tugab, qish yaqinlashmoqda. Qish o‘chog‘i esa tor. Shu sabablarga ko‘ra Humoyun va uning odamlari shoh vakili Budag‘xon bilan birga Qaz¬vindan shimoldagi keng joylarga — hazar dengizi bo‘ylariga borib qo‘shin to‘plashi, so‘ng o‘sha yoqlarda Qandahor yurishiga tayyorlik ko‘rishi maqsadga muvofiq topildi.
Ular Elbrus tog‘idan va Mozandaron o‘rmonlaridan o‘tib, dengiz bo‘ylariga kelgunlaricha sovuq tushib qoldi. Hamida bonu Qandahorda kiygan issiq samur po‘stinni yana sandiqdan oldi.
U ham Humoyun ham dengizni umrlarida birin¬chi marta ko‘rmoqda edilar. Qirg‘oqqa muttasil urilib turgan dolg‘a to‘lqinlar qattiq shamol turganda atrofga suv zarralarini uchirardi. Humoyun dengiz bilan o‘rmon oralig‘idagi keng bir sahnni qarorgoh uchun tanladi-da, chodir va o‘tovlar o‘rnatilguncha Hamida bonuni kemaga solib, dengizda sayr qildirdi. Ha¬voning qovog‘i soliq, dengiz notinch, katta-katta to‘lqinlar mast tuyaday ko‘pirib, kemani u yoqdan bu yoqqa uloqtirar edi. Qirg‘oqdan uzoqlashganlari sari to‘lqinlar yiriklashib borar, uch tomon ko‘z ilg‘amas kenglik, hammasi harakatlanib ko‘pirib yotgan suv.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:09:21
Humoyun dengizning shimol chetiga yetguncha kema salkam bir oy suzishi kerakligini, shu bir oylik yo‘lning hammasi yaxlit, intihosiz suv ekanini aytganda Hamidaning vahmi keldi. Kemaning chayqa¬lishi ham kuchayib ketgandan so‘ng uning boshi aylana boshladi.
Hozir yana uning bo‘yida bo‘lgan, uch oydan so‘ng yangi farzand tug‘ilishi kerak. Lekin musofirlikda og‘ir ruhiy azoblar ichida mudom Akbardan xavotir bo‘lib yashayotgan Hamida bonu o‘zini juda noxush va behol sezar, ikkinchi bola kasalmand tug‘ilmasa deb qo‘rqardi. Humoyunda ham Sind bo‘ylarida Akbar paydo bo‘lgan paytlardagi ichki ko‘tarinkilik yo‘q, u Qazvindagi murakkab va mute hayotning ruhiy qiynoqlarini birpasga unutgisi kelib goho afyun iste’mol qilardi. Hamida uning afyon kayfidan o‘zini qushday yengil sezib, xandon urib kulgan paytlarini, ertasiga esa lanj bo‘lib, bo‘shashib o‘ltirganlarini ko‘rar, «Shunday kunlarda bo‘lgan bolaning umri qanday kecharkin?» deb battar bezovtalanardi. U Humoyundan iltimoslar qilib, afyunni ikkinchi iste’mol qilmaslikka so‘z olardi. Lekin oradan o‘n besh-yigirma kun o‘tib Humoyunning boshiga yana bironta chigal va murakkab mushkulot tushar, kechalari uxlay olmay qiynalar, axiri hakimidan moshday qora afyun so‘rab olib, uni gulobga qo‘shib, ezib ichar va shu bilan xiyol tinchir edi.
Dengizda noxush chayqalib borayotgan kema buning hammasini Hamidaning yodiga tushirdi-yu, boshi battar aylanib, peshonasidan sovuq ter chiqdi. Humoyun uning rangi oqarib ketganini ko‘rdi va kemani qirg‘oqqa qaytarishni buyurdi.
Qirg‘oqdan ancha naridagi qarorgohda ayollar uchun shamolpana joyga katta saroparda o‘rnatilgan, uning ichiga chodirlar tikilgan edi. Dengiz sayridan behol bo‘lib qaytgan  Hamida bonuni kanizi to‘rdagi o‘tovga olib kirib anor sharbati ichirdi va issiq joy qilib yotqizdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:09:35
Humoyun atrof yaxshi ko‘rinadigan baland bir joyga sakkiz burchakli oq o‘tov tikdirib, uni o‘ziga qabulxona — borgoh qilgan edi. U kema sayridan shu o‘tovga qaytganda Bayramxon barra po‘stin va quloqchin kiygan qo‘ng‘ir soqolli bir kishini uning oldiga boshlab keldi.
— Hazratim, — dedi Bayramxon, — Agrada sizga qarchig‘ay sovg‘a qilgan moskoviyalik mehmon yodingizdami?
Humoyun bundan besh yil oldin ko‘rgan Matvey Kalitinni darrov tanidi va salomlashib, borgohga taklif qildi. Matvey Semyonovichning yonida o‘n sakkiz yoshlardagi barvasta yigit ham bor edi.
— O‘g‘lim Akim! — deb uni Humoyunga ta¬nishtirdi. Ota-bola ikkovi ham mezbonning hurmati uchun boshlaridan quloqchinlarini oldilar. Ularning gardish qilib kesilgan o‘siq qo‘ng‘ir sochlari bir-birlarinikiga juda o‘xshar, faqat Matveyning sochlarida oqi ko‘payib qolgan edi.
— Sizni bu joylarga qanday shamol uchirmish? — so‘radi Humoyun.
— Kaspiy shamoli! — deb Matvey dengiz tomonni ko‘rsatdi. U Hazar dengizini Kaspiy deb o‘rgangan edi. — Bu dengizni shimol tomonida bizning vatanimiz Rossiya bor. Agradan hazrat otangiz Moskvaga elchi qilib yuborgan Xo‘ja Husaynni bizning odamlar haligacha Boburin deb atab, eslab yuradilar. U yashagan xutor kattagina qishloqqa aylanib baburino nomini olgan. Bu yerda Xo‘ja Husayn ko‘rinmaydir. Boshi omonmi?
Humoyun og‘ir uh tortdi:
— Xo‘ja Husayn boshqa ko‘p jasur kishilarimiz qatori Sherxon bilan bo‘lgan janglarda tangri rahmatiga bordi...
Matvey Semyonovichning ovozi musibatdan titrab:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:09:49
— Sarstvo yemu nebesnoe!* — dedi-da, bir cho‘qinib qo‘ydi. Og‘ir xo‘rsinib, Xo‘ja Husayndan ko‘rgan yaxshiliklarini eslab ketdi: — O‘shanda meni zindondan chiqarib o‘yiga olib bordi, parvarishlab darmonga kirgizdi! «Sherxon bostirib kelmasdan tezroq jo‘nang» deb, barcha kam-u ko‘stimni to‘g‘ri¬lab, vatanimga kuzatib qo‘ygan edi.
Matvey Semyonovich Moskvaga qaytib borguncha yana ko‘p xavf-xatarlar va mashaqqatlarni boshdan kechirdi. Lekin u Xo‘ja Husayn yordamida Hin¬distondan olib ketgan parchalar, nodir matolar, marvaridlar, mushk-u anbarlarni Moskva zodagonlari katta pullarga sotib olishdi. Matvey Semyonovich belini ancha baquvvat qilgach, Novgoroddan butun bir kemani o‘ntacha odami bilan uch oyga yolladi-yu, unga Kaspiyning janubiy qirg‘og‘ida yaxshi qadrlanadigan mo‘ynalar, asallar, zig‘irpoyadan to‘qilgan chiroyli matolarni ortib Mozandaronga keldi. Bu yerdan esa ipak va ip gazlamalar, mayiz, qand, novvot kabi Moskoviyada tansiq bo‘lgan shirinliklar olib ketmoqchi.
— Moskoviyaga hozir kim podsho? — deb so‘radi undan Humoyun.
— Ivan To‘rtinchi*.
Sizning otangizdan elchi bo‘lib borgan Xo‘ja Husayn uning otasi Vasiliy Uchinchi bilan uchrashgan edi. U vafot etdi.
— Podsholaring biz tomonlarga elchi yubormoq¬chi emasmikin?
Matvey Semyonovich bosh chayqadi:
— Podshomiz hali yosh, endi o‘ng to‘rtga kirdi. Hozir mamlakat ichidagi tashvishlar ham unga yetib ortadi.
— Qanday tashvish?
— Tarqoq viloyatlarni Moskva atrofiga birlashtirish osonmi! Boyarlar hammasi o‘zicha bir podsho bo‘lgisi kelgay. Lekin Ivan To‘rtinchi yosh bo‘lsa ham qahri yomon deb eshitdim! Itoat etmaganlarni ayamay qiyratar emish. Boshqalari buni ko‘rib, yosh podshoning oldida titrab turarmish. Hozir bizning mamlakat Moskoviya emas, ko‘p viloyatlar birlashib, Rossiya nomini oldi.
— Sizlarda ham ichki parokandaligu viloyatlarni bir markaz atrofiga birlashtirish muammosi bor ekan-da, — dedi Humoyun taassuf bilan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:10:04
— Ammo bizda tamg‘a solig‘i yo‘q, — dedi Matvey. — Lekin bu yerda tamg‘a solig‘i juda baland ekan.
— Qancha?
— Musulmon bo‘lsangiz sotgan mollaringizning yigirmadan birini olurlar. Bizga o‘xshagan boshqa dindagilar molining o‘ndan birini tamg‘a solig‘iga to‘lashga majbur. Shoh Tahmasp sizni juda hurmat qilurlar, deb eshitdim. Bir og‘iz aytsangiz, hazratim, bizni shu soliqdan ozod etsalar.
Humoyun o‘ylanib qoldi. Matvey Kalitin uning oldiga bir chekkasi shu adolatsiz soliqdan himoya istab kelgan edi.
— Janob Matvey, bu yerda biz ham siz kabi musofirmiz. Shohning ichki ishlariga aralasholmasmiz. Agar Hindiston bizga nasib etsa, yana boring, o‘shanda bajonidil...
— Taqdir sizni qo‘llasinu yaxshi niyatingizga tezroq yeting, Mirzo hazratlari. Ammo Matvey Kalitin Hindistonga qaytib borolmasa kerak.
— Nechun?
— Yosh ketib qoldi. Mana, soch-soqollar oqardi. Ikki oradagi yo‘l azoblariga endi sog‘lig‘im bardosh berolmagay. Ammo Hindistonda ko‘rgan ajoyibotlarimni, siz bilan Xo‘ja Husayn qilgan odamgarchiliklarni umrbod unutmasmen. Agar siz bo‘lmasangiz, johil Said Xalil meni zindonda chiritib yuborgan bo‘lardi. Buning hammasini mana bu yoshlarga, — deb Matvey Semyonovich o‘g‘li Akimga ishora qildi,— so‘zlab tamom qilolmasmen. Istaymenki, ikki orada bordi-keldi bo‘lib tursin. Men bo‘lmasam, o‘g‘lim kelgusida Hindistonga sizni so‘roqlab borgay. Shuning uchun forsiy, turkiy tillarni o‘rganmoqda.
Humoyun Akimga qiziqib bir ko‘z tashlab oldi. U ichki bozorlarda xaridorlarni aldab boy bo‘ladigan savdogarlarni yomon ko‘rardi. Ammo karvonlar va kemalarda uzoq yo‘llarning yuz xil mashaqqatlarini yengib, qit’adan qit’aga nodir buyumlar bilan birga ko‘p yangiliklarni ham olib boradigan Matvey Kalitinga o‘xshash tijorat kishilarini hurmat qilardi. Shuning uchun u adolat istab kelgan Matveyga qo‘lidan kelgan yordamni bergisi keldi. Matvey Agraga sovg‘a qilib eltgan issiq samur po‘stin bultur Qandahor sovuqlarida Hamidaga juda asqatgani, qorli Elbrus tog‘idan ham begim shu po‘stinga o‘ranib o‘tganini esladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:10:20
Humoyun qo‘yin cho‘ntagidan ichi qat-qat qilib tikilgan charm xaltacha oldi. Xaltachaning bir qatida ikkita yoqut turgan edi. Shularning yirikrog‘ini kaftiga qo‘ydi-da, Matvey Semyonovichga uzatdi.
— Oling, mendan esdalik. Balki tamg‘a solig‘ining hissasi shu yoqutdan chiqar.
Matvey Semyonovich yal-yal yonayotgan qip-qizil, yirik yoqutni ta’zim bilan olar ekan, uning qiymati juda baland ekanini sezdi. Nafaqat tamg‘a solig‘ining hissasi, balki o‘zi kemaga ortib kelgan barcha mollarining beradigan foydasidan ham bu yoqutning narxi balandroq ekanini uning tajribali ko‘zlari darhol payqadi.
— Bu sovg‘angiz men uchun bebahodir, — dedi u Humoyunga. — Men buni avloddan-avlodga meros qilib qoldirgayman. Mana, o‘g‘lim, Akim ham, uning farzandlari ham buni bizga kim in’om qilganini eslab yursinlar.
Humoyun bu gaplarni ma’qul ko‘rib, bosh irg‘adi:
— Janob Matvey, farangistonlik Pakavir Sherxon tomoniga o‘tib,bizga to‘g‘anoq berganda, siz xolis turib bizga ko‘mak bergan edingiz. Mening ezgu tilagim shulki, siz mansub bo‘lgan xalq bilan bizning elimiz orasi hamisha shu yoqutday beg‘ubor tursin. Munosabatlarimiz doim la’lning qirmizi cho‘g‘idek yonib tursin!
Ular qadrdonlardek iliq xayrlashdilar. Ota-bola dengiz bo‘yidagi kemalariga tomon qaytar ekanlar, Hazar dengizining qishki sovuq to‘lqinlari ularning boshlari osha ko‘kka sapchiguday ko‘rinar va jo‘shib, ko‘pirib yotardi. Humoyun kemada birpas sayr qilib, bu to‘lqinlar orasida qanday behalovat bo‘lganini esladi. Shimoldan kelgan azamat ota-bola haftalar, oylar davomida goh xatarli to‘fonlar, goh dengiz qaroqchilari bilan olishib, serg‘azab Hazar dengizi¬ning bu boshidan narigi boshiga suzib o‘tishlari uchun qanchalik kuch va jur’at kerakligini o‘yladi-yu, ularga ich-ichidan qoyil bo‘lib qo‘ydi.

_____________
* «Osmon shohligi unga nasib qilsin», ya‘ni joyi jannatdan bo‘lsin!
* I v a n  IV — Keyinchalik Ivan Grozniy nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:10:36
*  *  *

Ikki orada shia-sunniy janjallari chiqmasin uchun Budag‘xon boshliq qizilbosh askarlari alohida qarorgohga to‘planmoqda edi. Humoyunning qarorgohidagi qo‘shin ham kun sayin ko‘payib borardi. Bayramxon Hazar bo‘yidagi sunniy mazhablik turkman qabilalaridan besh-olti yuz bek-u navkarni Humoyun xizmatiga tortdi. Shu orada Turdibek Turkistoniy Xurosonga borib Humoyunga yana bir talay tarafdorlar topib keldi.
— Hazratim, hatto o‘zbekning mashhur Shaybon urug‘idan bo‘lgan Aliqulixon nomli bek ham inisi bilan sizga ancha moyil, — dedi Turdibek. — O‘zi bilan so‘zlashmoqchi bo‘lsangiz, odam yuboray, qabu¬lingizga kelsin.
— Shaybon urug‘idan bo‘lsa, Xurosonda ne qilur?— taajjublanib so‘radi Humoyun.
— Ularni Buxorodagi urug‘doshlari sig‘dirmagandan keyin, Xurosonning Jom shahriga kelib qolgan ekan. Turondagi shayboniyzodalarga adovatlari cheksiz. Sizning Samarqand-u Buxoroni ulardan tortib olishingizni istaydir. «Agar Movaroun¬nahr¬ga qaytmoqchi bo‘lsalar, biz xizmatlariga kirgaymiz», deydir.
Humoyun o‘ylanib qoldi. Hindistonda Sherxon¬ning hokimiyati tobora mustahkam bo‘lib bormoqda. Panjob va Agradan ma’lumot yuborib turgan xufiyalar Sherxonning qo‘shini yuz yigirma mingga yetib, hech kim bas kelolmaydigan qudratga ega bo‘lganini xabar qildilar.
Movarounnahrda esa shayboniyzodalarning hoki¬miyati parcha-parcha bo‘lib zaiflashib bormoqda. Samarqand Buxoro xoniga itoat etmaydi. Farg‘ona vodiysida mustaqil xonlik paydo bo‘lmoqda. Tosh¬kent ham Buxoro xonligidan ajralib chiqqan. Ham¬masi bir-biri bilan qirpichoq bo‘lib urush¬moqda. Ilm-u san’at orqaga ketgan. Johil shayboniyzodalar hatto Navoiyni «Temuriylar shoiri» deb ayblab, she’rlarini taqiq etganlar. Qadimiy madaniyat markazlari bo‘l¬gan Eron-u Xuroson bilan aloqa uzilgan, shia-sunniy adovati avjida.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:10:52
Humoyun uch yoshida Samarqandga bir martagina borgan, Toshkent va Farg‘onani umrida ko‘rmagan. Lekin ota-bobolarining vatani uni o‘ziga tortadi. U Qandahor va Kobulni qaytarib olgani bilan Sherxon hali-beri uni Hindistonga yo‘latmasligi mumkin. Balki Kobul egallangandan so‘ng Humoyun ota yurtiga qaytar?
Shu o‘y bilan u Aliqulixonni o‘z huzuriga taklif qildi. O‘ttiz besh yoshlardagi, qisiq ko‘zli, barvasta Aliqulixon o‘ziga o‘xshab ketadigan o‘ttiz yoshlardagi ukasi Bahodirxonni ham boshlab keldi. Aka-uka ikkovi ham Navoiy va Bobur she’rlaridan yuzlab satr yod bilar ekanlar. Aliqulixon Sulton taxallusi bilan, Bahodirxon esa G‘azali nomi bilan she’r yozar ekanlar. Suhbat davomida buni bilgani sari, Humoyun¬ning ularga qiziqishi ortib bordi.
— Hazratim, men Shaybon ulusidan bo‘lsam ham ruhan Shayboniyxonga emas, sizning shoir otangizga ko‘proq yaqinlik sezurmen, — dedi Aliqulixon. — Mirzo Bobur uchun vatandan ayrilish qanday og‘ir ko‘rgilik bo‘lsa, Movarounnahrdan Boburning ketib qolishi biz uchun ham ulkan yo‘qotishdir. U kishi¬ning ortlaridan qancha iste’dodli, fozil kishilar vatandan ketdilar. Movarounnahr shu tufayli ham ma’na¬viy inqirozga uchradi. Otangiz-ku, qaytib kelolmadilar. Balki endi siz o‘sha fozillar-u iste’dodlarni Mova¬rounnahrga yana qaytarib olib borursiz? Shu bilan vatanimizning Ulug‘beklar-u Navoiylar davri¬dagi ma’naviy yuksalishlari yangidan boshlansa... Orzui¬miz ana shu!
— Men uchun ham bu — ulug‘ bir orzudir! — dedi Humoyun.
Aliqulixon va Bahodirxonlarga yana Iskandarxon nomli toshkentlik bek ham qo‘shildi. Bu uchovining ikki mingdan ortiq navkari bor edi, hammasi birlashib, Qandahorni qaytib olishda Humoyunga ko‘¬mak beradigan bo‘ldilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:11:07
Hazar bo‘yida tayyorlanayotgan bu harbiy yu¬rish qancha sir tutilsa ham, xufiyalar uning daragini allaqachon Komron bilan Askariyning qulog‘iga yetkazgan edilar. Askariy Humoyun bilan shoh Tahmaspning birlashgan qo‘shiniga bas kelolmas¬ligini bilib, Komron¬dan yordam so‘radi. Biroq Komron Kobulni himoyasiz tashlab ketolmasligini aytib inisiga maktub yozdi. «Akbarni enagalari bilan darhol Kobulga jo‘nating! — deb buyurdi Askariyga. — Ak¬bar— Humoyunning joni. Agar og‘amiz Qanda¬horda sizni qizilboshlarga qurbon qilmoqchi bo‘lsa, Kobulda yolg‘iz o‘g‘li ham tirik qolmag‘ay. Biz buni unga ma’lum qilgaymiz».
Itoatga o‘rgangan Askariy kechasi el uxlaganda Mohim bibi va Jajji enagalarni oyoqqa turgizdi. Ularning Akbardan tashqari o‘z farzandlari ham bor, Adham va Aziz ko‘kalar ham hali uch yoshga kirmagan murg‘ak bolalar. Uch bola bevaqt uyg‘otilganidan g‘ashlik qilib yig‘laydi. Mohim enaga Askariyning oyog‘iga yiqilib:
— Bolalarga rahm qiling, qish chillasida hayf bo‘lishmasin! — deydi.
Jajji enaga Askariyning xotini Saltanat begimga yalinadi. Lekin Askariy Komronning buyrug‘ini bajarmay iloji yo‘qligini aytadi.
— Axir bu bolalar ot minolmasa! — deb kuyunadi Mohim enaga. — Toyg‘oq yo‘llarda bularni o‘ngarib yurib bo‘lmasa! Kobul bir haftalik yo‘l! Qandoq yetkazib borgaymiz?
Saltanat Askariy bilan gaplashib, tuyalarga atrofi issiq kigizlar bilan o‘ralgan kajavalar o‘rnatishni buyurdi. Bolalarni issiq kiyintirib, onalari bilan shu kajavalarga o‘tqazishdi. Yig‘lab-siqtab Qandahordan tun yarmida yo‘lga chiqdilar. Ertasi kuni oqshom bir qishloqda tunashga to‘xtaganlarida Humoyunning shu atroflarda yashirinib yurgan xufiyasi Yo‘lchibek Mohim enaga bilan uchrashdi. Kechasi bolalar uxlaganda Mohim enaga Hamida bonuning nomiga maktub yozdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:11:22
— Begim qaerda bo‘lsalar ham, shu maktubni yetkazib bering, — deb Yo‘lchibekdan iltimos qildi.
Yo‘lchibek maktubni qish chillasida uzoqlardan Hazar bo‘yiga yetkazib keldi. U bevosita Hamida bo¬nuga murojaat qilishdan iymanib, avval Humoyunning o‘ziga uchrashdi-yu, eshitgan-bilgan voqealarini bir-bir aytib berdi. Humoyun Qandahordan Kobulga bora¬digan past-baland yo‘llardan qishda o‘tish qanchalik mashaqqatli bo‘lishini bilardi. Enagalar uchta yosh bolani bu yo‘llardan azob-uqubat bilan olib o‘tib Kobulga borganlarida ularni kim kutib oladi? Humoyun eng avval o‘zining ashaddiy dushmanlari bo‘lgan Said Xalil, Qorachaxon va Afzalbeklarni ko‘z oldiga keltirdi. Bu yovuz odamlar uning murg‘ak o‘g‘ilchasiga har qanday yomonlikni qilishdan tap tortmaydi. Humoyun shuni o‘ylaganda, ertagayoq Ko¬bulga qo‘shin tortgisi keldi. Lekin qishda Kobulga faqat Qandahor tomondan o‘tish mumkin. Shoh bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha ham u avval Qandahorga yurish qilishi shart.
Humoyun bu yurishni xutning o‘rtalarida boshlashga qaror berdi. U Hamidani ham yo‘lga tayyorlashi kerak edi. Saropardaga borishdan oldin xirgohda yolg‘iz qolib, Mohim enagadan Yo‘lchibek keltirgan maktubni qo‘lida birpas aylantirib ko‘rdi. Buni Hamidaga berib bo‘larmikin? Balki ichida Humoyun ham bilishi kerak bo‘lgan zarur gapi bordir? Axiyri sabri chidamay maktubni ochdi.
Aqlli Mohim, voqeaning eng yomon tafsilotlarini Yo‘lchibekdan og‘zaki aytib yuborgan, maktubga esa iloji boricha taskin beradigan gaplarni yozgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 07 Dekabr 2009, 10:11:37
«Tangriga shukurki, Akbarjon ko‘kaldoshlari orasida eng sog‘lomi, Xudo uni ancha-muncha kasalliklarga va mashaqqatlarga bo‘y bermaydigan baquvvat bola qilib yaratgan ekan. Qattiq sovuqlarda ham ikki yuzi qip-qizil bo‘lib yuribdilar. Ammo dili juda sezgir, atrofida yomon odam paydo bo‘lsa o‘zidan  o‘zi bezovtalanur. Yo‘lda charchadik, kechasi to‘xtagan joyimizda chiroqni o‘chirib uxlashga yotdik. Lekin Akbar hech uxlamadi, g‘ashlik qilib yig‘layverdi. Sovqotdimikan deb qarasam, yo‘q, yuzlari, qo‘l-oyoqlari iliq, nuqul yig‘laydir. «Yoyiq, yoyiq», — deydir. So‘ziga tushunmay hayron bo‘ldim. Keyin bilsam, «yorug‘» degani ekan, «re»ga tili kelishmay chirog‘ni so‘ragan ekan. Chirog‘ni qayta yoqib qo‘ygan edim, tinchib uxlab qoldi. Men hozir shu qora chirog‘ yorug‘ida maktub yozmoqdamen. Atrofimizda Komronning yovuz odamlari yurganini bola ham sezgani uchun mening yuragim tahlikada. Lekin siz shunga ishoningki, men tirik bo‘lsam, Akbarni jon o‘rnida asragaymen. Kobulda Xonzoda begim bilan Gulbadan begim borlar. Eson-omon etib borsak, men ulardan albatta himoya so‘ragaymen. Lekin siz ham iloji boricha tez yetib keling, butun najotni biz hazratim ikkovingizdan kutgaymiz».
Humoyun maktubni Hamidaga hozircha ko‘rsatmadi. Faqat Qandahordan Yo‘lchibek kelganini va «Akbar ko‘kaldoshlari orasida eng sog‘lomi», deb maqtaganini aytib berdi.
— Sind bo‘yida bizning olovli muhabbatimizdan paydo bo‘lgan bola, xudo xohlasa, barcha mushku¬lot¬larga bardosh bergay! — deb Hamidaga tasalli berdi.
Doim o‘g‘liga ilhaq bo‘lib yashaydigan Hamida bonu og‘iroyoq bo‘lsa ham tezroq Akbarga yetib bo¬rishni istardi. Shuning uchun Humoyunning:
— Bir oy ichida yo‘lga chiqgaymiz, tayyorlik ko‘ring, — degan gapini quvonib qarshi oldi.
Humoyun xutning o‘rtalarida Elbrus tog‘ini sharqiy tomondan aylanib o‘tib, Xuroson orqali Qandahorga yo‘l oldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:40:07
Q A L A N J A R
QASOSLI DUNYO

Xuddi o‘sha milodiy 1545-yilning qishida Sherxon Ganganing janubidagi Qalanjar qal’asiga hujum boshladi. Hazar dengizi bo‘yidan janubga qarab kelayotgan Humoyun bilan Qalanjar orasida minglab chaqi¬rim masofa bor. Ammo Sherxonning atrof mamlakatlardan ma’lumot yuborib turgan xufiyalari Humo¬yunning tarafdorlari ko‘payib borayotganini, shoh Tahmasp bergan o‘ng ikki ming askardan tashqari yana bir necha ming o‘zbek, turkman jangchilari uning qo‘shini safida kelayotganini xabar q ildilar.
Sherxonning bir yuz-u qirq ming oltig‘-u piyoda qo‘shini, besh ming jangovar fili bor. Lekin Qan¬dahorga yaqin bo‘lgan Sind va Umarqutda Sherxonga bo‘ysunmasdan, Humoyunning qaytishiga ko‘z tikib turganlar ko‘p. Shimoli sharqdagi Kashmir viloyatida esa Humoyunning tog‘a avlodidan bo‘lmish Mirzo Haydar hukmronlik qilmoqda. Iloj topilsa u ham Humoyunga yordam qo‘lini cho‘zishi mumkin. Sherxon Qalanjar qal’asini egallasa, keyin Panjobga kelib, Kashmirdan Humoyun tomonga cho‘zilishi mumkin bo‘lgan yordam qo‘lini butunlay kesadi. Ana undan keyin Sherxon bor kuchini to‘plab, Sind va Umarqutdagi dushmanlarining dodini beradi. U o‘zidan oldin hech bir podsho o‘tkazmagan katta harbiy va moliyaviy islohotlarni bekorga o‘tkazayotgani yo‘q.
Sherxon bu mamlakatni qiynab yurgan hind-musulmon diniy nizolariga chek qo‘ymoqchi, o‘zi¬ning «Shershohi Odil» degan nomini oqlaydigan ulug‘ ishlar qilib, yangi sulolaga asos solmoqchi. Shuning uchun «g‘ayridin» degan tushunchalarga qarshi borib, davlat mahkamalariga ham, o‘z askarlari safiga ham ming-minglab hindlarni qabul qildi. Barcha shahar-u qishloqlarda hisob-kitob ishlarini tartibga soluvchi va amaldorlar ustidan qattiq nazorat o‘rnatib, poraxo‘r¬larning jazosini beruvchi markaziy mahkamaga hind rajputlari orasidan chiqqan tadbirkor Todar Malni boshliq qilib qo‘ydi.
Qalanjardagi rajputlar Kirat Sinx boshchiligida qal’ani mahkam bekitib, Sherxonga darvoza ochmaganlaridan so‘ng, u mana shu Todar Malni oraga qo‘yib, qo‘rg‘ondagilarni murosaga chaqirib ko‘rdi. Qarshilik qilish foydasiz ekanini, Sherxon Qalan¬jardan zo‘rroq rajput qo‘rg‘onlarini zabt etganini Todar Mal qo‘rg‘on himoyachilariga kuyib-pishib tushuntirdi. Agar Qalanjar himoyachilari omon qo¬lishni istasalar jangni to‘xtatib, Sherxon bilan sulh tuzsinlar. Shundan keyin Sherxon ularni avf-u etadi, mol-u jonlariga tegmaydi. Qalanjar rojalari va obro‘li rajputlariga Dehli atroflaridan yaxshi jogirlar beradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:40:21
Ammo Qalanjar qal’asi juda mustahkam, unda ichadigan suv ham, zaxira ham yetarli edi. Sher¬xonning avvalgi xiyla-yu nayranglaridan jabr ko‘rgan chitorlik, rayzinlik va bikanurlik rojalar Qalanjar hokimi Kirat Sinx atrofida jipslashgan edi.
Todar Mal Sherxonning xayrli ishlari ham ko‘pligini ayta boshlagan edi, Kirat Sinx uning so‘zini kesdi:
— Sherxon Rayzin qal’asida sulh tuzib, Puran Malni o‘ldirganiga ne deysan? Biz, rajputlar, mard, sodda odamlarmiz. Sherxon roja Mal Devaga o‘zini do‘st ko‘rsatib, xatlar yozgan edi, oxirida uni ne ko‘yga soldi?
Todar Mal bu savollarga javob topolmay tutilib qoldi. Sherxon Rajputana hokimi roja Mal Devaga qarshi qanday  makr-u hiylalar ishlatgani uning ham esiga tusha boshladi.
Mal Deva mashhur sarkarda Rana Sangram Sinxning o‘g‘li edi. U Rajput viloyatlarini birlashtirib, Sherxonnikidan ham ulkanroq va kuchliroq qo‘shin to‘plagan edi. Joudhpurdan sharqdagi ilk to‘qnashuv¬larda Sherxon bu zo‘r qo‘shinga bas kelolmay ikki oy yo‘lida to‘xtab qoldi. Ana shu oylar ichida u yov qo‘shini orasiga kirib olgan o‘z maxfiy odamlarini ishga soldi. Mal Devaning qattiqqo‘lligidan, hadikchiligidan norozi bo‘lib yurgan Bikanir, Nagor rojalari bor edi. Xufiyalar Sherxonga ularning nomlarini bilib berdilar. Sherxon xuddi Dehlidagi Amir Bahlulga yozgan maktubiga o‘xshatib, Mal Devaning qo‘l ostidagi sarkardalardan Biram Dev, Roa Kalyanlarning nomiga maxfiy xat yozib yuboradi. Bu xatda Sherxon Mal Devadan norozi bo‘lib yurgan boshqa uch-to‘rtta rajput sarkardalarining nomini ham iliq so‘zlar bilan tilga oladi. Bu rojalar Sherxonga hech qanday maktub yubormagan bo‘lsa¬lar ham, Sherxon go‘yo ulardan yashirin maktub olgan-u, endi shunga javob berayotgan kishi bo‘lib yozadi:
«Mal Deva nechog‘liq zolim va qobiliyatsiz hukm¬dor ekanligi maxfiy maktublaringizda keltirilgan tafsilotlardan bizga ayon bo‘ldi. Inshoollo, uning illatlari o‘zining boshiga yetkusidir. Bizga xayrixoh bo‘lgan boshqa rajput sarkardalarga ham qarorimizni ma’lum qiling. Biz zinhor din-u millat ayirmagaymiz. Sizlar bilan birgalikda ulug‘ Ashoka* davridagidek yagona va qudratli hind dalvatini barpo etmoqchimiz. Biz Mal Devani yuzma-yuz jangda ham yengishga qodirmiz. Ammo ortiqcha qon to‘kilmasligi uchun sizlar ko‘plashib Mal Devani tutib beringlar. Shun¬dan so‘ng har biringiz bizning eng ulkan inoyatlari¬mizga sazovor bo‘lursiz va tilagan viloyatingizga hokim etalajaksiz».
Sherxonning o‘z qo‘li bilan yozilgan va uning haqiqiy muhri bosilgan bu maktubni Mal Devaning maxsus odamlari josusning cho‘ntagidan topib olishadi. Biram Devning yaqin odami bo‘lgan bu «josus» aslida maktubning o‘z cho‘ntagiga qanday kirib qolganini mutlaqo bilmaydi. Sherxonning xufiyalari bu ishni xuddi Agradagi kabi ustalik bilan yashiriqcha qiladilar. Ammo xiyonatni ko‘p ko‘rib, hadikchi bo‘lib qolgan roja Mal Deva bechora «josus»ning «maktubni cho‘ntagimga kim solib ketganini bilmayman», degan gaplariga mutlaqo ishonmaydi. U Sherxon bilan bir necha marta xat yozishgan edi. O‘sha xatlarni hozirgisiga solishtirib ko‘rib, maktubni Sherxonning o‘zi yozganiga va haqiqiy muhrini bosganiga amin bo‘lgach, «josus»ning boshini kesdirdi. Sherxonning maktubida nomi ko‘rsatilgan «xoin» sarkardalarga qo‘shinning yarmidan ko‘pi itoat etadi. Agar Mal Deva ularni tuttiraman desa ichki urush boshlanib ketishi mumkin. Biroq Mal Deva Sherxon bilan til biriktirgan sarkardalar orasida qolsa xiyonatning qurboni bo‘lishi hech gap emas. Uning hadik¬chiligi g‘olib keladi-yu, o‘ziga sodiq ellik ming odamni bir kechada qarorgohdan ko‘chiradi, Rajpu¬tana yurtining poytaxti Jaudhpurni tashlab, Sivana degan joyga chekinadi. Shu tarzda bir-biriga ishonchini yo‘qotib parokanda bo‘lgan rajput sarkardalarini Sherxon bitta-bitta yengib, bartaraf qiladi. Ularning tirik qolganlari Qalanjarga kelib jon saqlaydilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:40:34
— Endi u hodisalar takror bo‘lmagay, Shershohi odil hozir o‘z nomlariga munosib adolatli yo‘l tut¬moq¬chilar, sulh tuzaylik! — deb, Todal Mal Qalanjar hokimi Kirat Sinxdan qayta-qayta iltimos qildi. Ammo Kirat Sinx uni urishib tashladi:
— Sen bizni Sherxonga tutib bermoqchisan! Jo‘na bu yerdan! Haqiqiy rajput hiylai nayranglarning qurboni bo‘lgandan ko‘ra, qo‘lda qilich bilan jang maydonida halok bo‘lishni afzal ko‘rgay!
Todar Malning vositachiligidan natija chiqmagach, Sherxon qal’aning tagini kavlashni va devori ostiga borut qo‘yib portlatishni buyurdi.
O‘n minglab odamlar, ot-ulovlar, fillar Qalanjar qo‘rg‘oni atrofida oylar davomida tinimsiz ishlatildi, ularning oyoqlari ostida butalar, o‘t-o‘lanlar ezilib yo‘q bo‘ldi, yerlar titkilanib, shudgorga aylanib ketdi. Biroq qo‘rg‘on ulkan qoyatoshlar ustiga qurilgani uchun qilt etmay turaverdi. Uning devori tagidan lahim kavlashga ham iloj bo‘lmadi. Qo‘rg‘on ichida buloqlar bor, himoyachilar uchun suv yetarli. Tik qoyatosh ustidan o‘tgan baland devorlarga narvon ham qo‘yib bo‘lmaydi. Pastdan otilgan to‘p o‘qi yuqoriga chiqib borguncha kuchini yo‘qotadi-yu, metin devorlarni teshib o‘tolmaydi.
Shu tarzda qamal juda uzoqqa cho‘zildi. Hut oyidayoq boshlangan hind issiqlari hamalda muttasil ko‘tarilib borib, savrning o‘rtalarida chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Yomg‘ir fasli oldidan qo‘zg‘aladigan to‘polon shamollar qo‘shinning oyog‘i ostida titkilanib yotgan suvsiz yonbag‘irlardan chang-to‘zon ko‘tara boshladi. Issiq va dim havoda qo‘rg‘on atrofidagi qoyatoshlar cho‘g‘day qizib ketdi. Yoshi oltmishdan oshgan Sherxon bu issiqdan va chang-to‘zondan bo‘g‘ilib, nafas olishi og‘irlasha boshladi.
Shu orada karvon bilan Qandahorga savdogar qiyo¬fasida yuborilgan xufiya Sherxon uchun noxush xabarlar keltirdi. Humoyun qal’ani qirq kun qamal qilgandan so‘ng inisi Askariy ichkaridan chiqib, unga taslim bo‘libdi. Humoyun endi Kobulga ko‘z tikayotgan emish. Agar Komron ham shunday tez taslim bo‘lsa, Sherxonga shimoldan keladigan xavf ancha kuchayishi aniq. Sherxon Komronning yonida yuradigan ishonchli kishisi Said Xalilni esladi. Anchadan beri uni yo‘qlamagan edi. Ertasi kuni bitta ishonchli odamini nodir sovg‘alar bilan Kobulga, Said Xalil¬ning oldiga yubordi. Yashirin maktubda Kom¬ron¬ning Humoyun bilan yarashishiga zinhor yo‘l qo‘ymaslikni topshirdi, buning uchun qanday ko‘mak zarur bo‘lsa yuborib turishni va’da qildi.
Sherxonning hozirgi zo‘r istagi — Qalanjar qamalini tezroq tugatish edi. Shunday qudratli qo‘shin bilan besh oydan beri bitta qal’ani ololmayotgani uning sarkardalik nomi uchun ham yaxshi emas. U o‘z qo‘shinidagi hindlar orasida obro‘li roja hisoblangan Brahmajit Gaurni ertalab xos chodiriga chaqirtirdi. Uni tikka turg‘izib qo‘yib koyishga tushdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:40:49
— Siz nuqul rajputlaringizni maqtar edingiz, «yaxshilikni biladigan tanti elmiz», der edingiz, qani o‘sha tantilik?
Yuzlari oftobda ko‘mirday qorayib ketgan, kalta soqoliga, qoshi va mo‘yloviga chang o‘tirib, kulrang tusga kirgan qirq besh yashar Brahmajit Gaur ta’zimga bosh egdi:
— Mening rajputlarimdan ne gunoh o‘tgan bo‘lsa ayting, olampanoh, darhol jazosini berurmen!
Ammo Sherxon dilida to‘planib qolgan gina-quduratni to‘kishda davom etdi:
— Men rajputlarni o‘zimga teng ko‘rib qo‘shinimga oldim, mahkamalarda hind tilini joriy etdim! Shu mamlakat obod bo‘lsin deb mingdan ortiq rabotlar, karvonsaroylar qurdim. Rajputlarga hurmat bildirib, hatto Dehlida qurdirgan masjidimning peshtoqiga hindlar muqaddas gul hisoblaydigan nilufarning marmar naqshini ishlattirdim!
— Bu hammasi rost, olampanoh! Siz hindlarga nisbatan hali hech bir musulmon hukmdori qilmagan nek ishlarni qilmoqdasiz!
— Nega bo‘lmasa sizning ko‘rnamak yurtdoshlaringiz mana bu qal’ada turib meni shuncha vaqtdan beri behurmat qilmoqda? O‘sha biz taxtdan ag‘dargan Humoyun ham Qalanjarni bundan o‘n to‘rt yil avval qamal qilgani yodimda bor. Sizning yurtdoshlaringiz Humoyunga bir oy ham qarshilik ko‘rsatmay taslim bo‘lgan edi. Nega biz kelganda rajputlaringiz besh oydan beri darvoza ochmay jinnilik qilmoqda?!
— Johillik oqibati, bu haqiqatni tushunmaslik, ko‘rlik!..
— Unday bo‘lsa, nega siz bizdan vakil bo‘lib borib, yurtdoshlaringizning ko‘zini ochmaysiz? Ularga men yomonlik qilmoqchi emasman, nahotki o‘z tilingizda rajputlaringizga shuni tushuntirib aytolmaysiz?
— Bajonidil ayturmen, olampanoh! Siz ularga afvi umumiy bergaymisiz?
— E afvi umumiydan tashqari, Ajmirmi, Banorasmi, istagan viloyatlarini beray! Mana, tepamizda Xudo turibdir! Hind ma’budlarini ham o‘rtaga qo‘yib ont iching, ishontiring, men bilan sulh tuzib, qal’ani topshirsalar, hammasining mol-u joni omon qolur, ko‘ngillari tilagan murodlariga yeturlar!
Bu gal Sherxon astoydil so‘zining ustidan chiqmoqchi edi. Bunga ishongan Brahmajit Gaur elchilarning oq bayrog‘ini ko‘tarib qal’aga qarab ketdi. Qal’adagilar uni ertalabdan peshingacha ichkariga kiritmay ovora qildilar. Buni eshitgan Sherxon o‘z askarlarini darvozadan mumkin qadar uzoqqa olib ketishni buyurdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:41:03
Jazirama issiqda tog‘ning toshlari olov purkaydi. Sherxon o‘zi uchun qilingan maxsus soyabon tagida peshin namozini o‘qiguncha nafasi qaytib, terga botib ketdi. Shunday bo‘lsa ham, joynamoz ustida cho‘kka tushib: «E parvardigor! — deb iltijo qildi. — O‘zing ku¬shoyishi korimni bergaysen! Qal’adagilar murosaga kel¬sa birontasining burnini qonatmaslikka sening ol¬ding¬da so‘z berdim, endi o‘zing mushkulimni oson qil!».
Qal’a darvozasi yaqinida Brahmajitdan boshqa bi¬ronta odam, bironta xavf qolmagach, mustahkam po‘¬lat darvozani qiya ochib, uni ichkariga kirgizdi¬lar-u yana darhol yopib, tanbalab oldilar. Brahmajit qal’a ichidagi ahvolni va uning ba’zi sirlarini ko‘rib-bilib olmasin uchun, elchining ko‘zini bog‘lab, qo‘lidan yetaklagancha Qalanjar himoyachilarining rahbari Kirat Sinxning oldiga boshlab bordilar. Ko‘ziga bog‘langan oq latta olingach, Brahmajit besh oy qamal azobidan ozib-to‘zib ketgan, lekin ko‘zlari g‘azab va qat’iyat bilan chaqnayotgan roja Kirat Sinxni va uning atrofidagi ellik-oltmishta qasoskorlarni ko‘rdi.
— Aziz yurtdoshlar, men bir rajput sifatida sizlarning botirliklaringizga, metin irodangizga qoyilman! — deb hayajon bilan so‘z boshladi Brahmajit Gaur. — Ulug‘ Shiva oldida qasam ichib aytamanki, hali hech qaysi rajput qal’asi o‘zidan yuz barobar ulkan yov bilan bunchalik uzoq, bunchalik dadil olishgan emas. Faqat men emas, Shershoh hazratlari ham sizlarning jasoratlaringizga tan bermoqda. Meni yuborishdan maqsadlari ham — sizlarga qoyil bo‘lib, afvi umumiy bermoqchi ekanliklarini aytishdir!
Brahmajit Gaur Sherxonning yaxshi niyat bilan qilayotgan qurilishlari, islohotlari va boshqa nek ishlarini aytayotganda Kirat Sinx sabrsizlanib uning so‘zini bo‘ldi:
— Sen uni oppoq ko‘rsatib maqtayvermasdan, va’dasini buzib qilgan makkorliklarini ham aytgin-da! Sherxonning Roxtas qal’asini Krishan Roydan qanday surbetlarcha tortib olgani esingda bormi? «Bechora ayollarimiz bilan bolalarimizga boshpana bering!» deb zaifona kiyimlarni kiyib borishgan. Ayolcha kiyingan bu erkaklarning olchoqligini Rayzin qal’asida behuda halok bo‘lgan rajputlarning tirik qolgan qarindoshlari unutolgaymi? Mana, oramizda Krishan Royning o‘g‘li turibdi, aytsin! Sherxonning va’dasiga ishonib bo‘lurmi?
Kirat Sinx qo‘li bilan ko‘rsatgan barvasta yigit:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:41:20
— Yo‘q, maharoja, — dedi. — Sherxonning bironta va’dasiga ishonib bo‘lmagay. U faqat biz kabi rajputlarga emas, o‘z dinidagi musulmonlarga ham noinsoflik qilgani esimizdan chiqqani yo‘q. Ganga bo‘yida, Chausada humoyun bilan yarashib, hujum qilmaslik haqida tuzgan bitimini qanday buzgan edi, a, bir eslang!
— E, u harbiy hiyla edi-ku! Hindlarga hozir Humoyundan ko‘ra Shershoh ko‘proq yaxshilik qilmoqda!.. — deb e’tiroz qilda Brahmajit Gaur.
— Agar Shershohing bizga chindan yaxshilik qilmoqchi bo‘lsa, — dedi Kirat Sinx, — sen borib ayt, qamalni to‘xtatsin, qo‘shinini Qalanjardan olib ketsin. Bizni tinch qo‘ysa, keyin balki uning yaxshiligiga chindan ishonib, ittifoq tuzarmiz. Ammo hozir biz unga ishonmaymiz, darvoza ochib, yana biron makkorlik balosiga uchrashni istamaymiz! Agar qamalni davom etkazsa, biz ham oxirgi kishimiz qolguncha olishgaymiz. Yengilsak, ayollarimiz, qizlari¬miz dushman qo‘liga tirik tushmasligi uchun o‘zlarini o‘zlari javhar qilib o‘ldirishga so‘z berganlar. Bizning Sherxonga uzil-kesil javobimiz ana shu!
Brahmajit Gaur tarvuzi qo‘ltig‘idan tushganday bo‘¬shashib Sherxonning huzuriga qaytib keldi-yu, bo‘lgan gaplarni batafsil aytib berdi. Shuncha katta janglarni g‘alaba bilan tugatgan Sherxon endi Qalan¬jarda qayoqdagi Kirat Sinxdan yengilib orqaga che¬kinishi — uning uchun xayolga keltirib bo‘lmaydigan bir alahsirashdek eshitildi. Qal’adagilarning javoblari uning g‘azabini keltirdi. Endi bu la’nati qo‘rg‘onni yer bilan yakson qilgisi keldi-yu, o‘ttiz ming odamni issiq jazirama ostida ayamay ishlatib, qal’aga yaqin bora oladigan baland va mustahkam murchallar* yasattirdi. Bu orada Agra va Dehliga yuborilgan maxsus odamlar mamlakatda bor eng zo‘r zambaraklarni ho‘kiz va fillar yordamida Qalanjar yoniga olib keldilar va o‘sha ko‘tarmalar ustiga chiqarib o‘rnatdilar. Zambarak¬larning o‘qlarini yasaydigan ustalar yetarli edi. Sakkiz juft ho‘kiz qo‘shiladigan eng zo‘r zambaraklarning har bitta tosh o‘qi yigirma besh-o‘ttiz man* og‘irlikda. Bularni otish uchun juda ko‘p borut kerak. Tuyalarda ortib kelingan borut to‘la charm meshlar maxsus omborlarda taxlanib turardi. Atrofi taxta bilan o‘ralgan bu omborlarning ustiga o‘tovning kigizlari yopildi.
Sherxon qal’aning zaifroq ko‘ringan bir devori qarshisiga eng zo‘r zambaraklarni qator qilib o‘rnattirdi-yu, o‘qlarni ketma-ket bir nuqtaga urishni buyurdi. O‘zi zambaraklardan ancha narida — borut omborla¬rining yonidagi tepalikda to‘pchilar boshlig‘iga ko‘rsatmalar berib, o‘qlar mo‘ljalga qanchalik aniq tegayotganini ko‘zatib turdi. Oftob tog‘ ortidan endi chiqib kelmoqda. Sherxon turgan joydan hali ertalabki soya ketgan emas, qal’aning o‘q borib tegayotgan devoriga quyosh tushib turibdi. Devorga urilib qayta¬yotgan to‘p o‘qlari orqaga sapchib ketadi, ba’zilari yigirma-o‘ttiz gaz beriga kelib tushadi. Bundan xavotirlangan to‘pchilar boshlig‘i:
— Olampanoh, siz bu yerda turmang, bexatarroq bir joyga keting! — deb iltimos qildi.
— Sen menga aql o‘rgatmay o‘z ishingni qil! — deb o‘shqirdi Sherxon. — Tomchi bilan toshni teshadiganlar bor. Sen shunday to‘plarning o‘qi bilan bitta devorni tesholmaysanmi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:41:40
— Iloj qancha, olampanoh? To‘plarning quvurlari qizib, cho‘g‘ bo‘lib ketdi. Endi sal tanaffus qilib sovutilmasa qizigan quvur yorilib ketishi mumkin.
Bu orada oftob ham ko‘tarilib, jizillatib quydira boshladi. Savrning o‘rtalari*, bu yerda issiq eng avjiga chiqadigan payt. Sherxonning o‘zini ham ter bosa boshladi. Uning xos cho‘pdori orqaga o‘tib, uzun yog‘och uchiga o‘rnatilgan soyabonni Sherxonning boshiga soya beradigan qilib tutib turdi. Yuzini borutning qurumi qoraytirgan, faqat ko‘zining va tishining oqlarigina aniq ko‘rinadigan to‘pchiboshi Sherxondan yana koyish eshitdi:
— Devor endi teshilay deganda otishini to‘xtat¬dingmi? Boshqa to‘plar qani? O‘ttizta zambarak keltirilgan emasmidi? Cho‘yan o‘qi bilan otiladigan eng katta zambaraklar nechun jim?
— Eng katta zambaraklar eskiroq.  Ganga bo‘yida, Chausada Humoyundan o‘lja olingan o‘sha zambaraklar olti yildan beri otilgan emas.
— Men senga aytmabmidim? Vaqtida yog‘lab tur, yaxshilab asra demaganmidim?
— Yog‘lab, yaxshi asraganmiz, olampanoh! Mayli, agar buyursangiz endi o‘sha katta to‘plarni o‘qlaymiz!
— Darhol o‘qla! Ulardan besh-olti marta o‘q otgunlaringacha avvalgi to‘plar ham sovub qolar. Bu devor qulamaguncha hamma zambaraklarni ishlataver!
— Bosh ustiga, olampanoh!
Chausada o‘lja olingan zambaraklar chindan ham juda katta, har birini o‘n olti ho‘kiz toqqa zo‘rg‘a tor¬tib chiqargan edi. Ularning borut orasiga joylangan cho‘yan o‘qini bir to‘pchi ko‘tarolmaydi. Zambarakni o‘qlash va otish uchun besh-olti kishi kerak bo‘ldi. Chetroqdagi tosh ko‘tarmaga o‘rnatilgan bu zambaraklar qal’a devorining mo‘ljalga olingan joyiga sal qiyaroq turibdi. Qiyalatib otilgan cho‘yan o‘qlardan bir qanchasi devorga urilib, orqaga qaytdi. Bu zambaraklar Sherxondan uzoqroq turgan bo‘lsa ham, ularning devorga urilib qaytayotgan o‘qlari qiyalab borib Sherxon turgan tepalikning etaklariga tusha boshladi. Buni ko‘rgan Sherxonning yuragi bir seskandi. Bu qal’aning devorida jon bormi, o‘qlarni qaytarib otyapti?! Yo ichkaridagi rajputlarning metin irodasi bu devorga o‘tganmi? Sherxonning xayoliga shu gap kelganda katta cho‘yan o‘q qal’aning tepasidan bir gazcha joyini o‘pirib, naryoqqa qulatib o‘tdi. Bundan quvongan Sherxon xavf-xatarni yana unutdi-yu, navbatdagi o‘qning otilishini kutdi.
Navbatdagi o‘qqa borut ikki barovar ko‘p solingan edi. Uning cho‘yan o‘qi ikki barobar katta zarb bilan qal’aning tosh devoriga urildi, uni teshib o‘tolmagach, orqaga qiyalab qaytdi va zing‘illab uchganicha Sherxondan sal naridagi borut omborining ustiga tushdi.
Zambarak quvuridan cho‘g‘ bo‘lib yonib chiqqan cho‘yan o‘q ombor ustiga yopilgan kigizni ham, charm meshni ham tutatib, teshib o‘tdi-yu, jazirama issiqda qizib turgan quruq borutning o‘zini portlatib, yondirib yubordi. Butun bir borut omborining dahshat solib portlashidan ko‘tarilagn havo to‘lqini o‘ng qadamcha joyda turgan Sherxonga toshday qattiq urildi va uni tepalikdan pastka itqitib yubordi. Juda qattiq yiqilgan Sherxon hushidan ketdi. Portlash paytida yonib ketgan yog‘och, kigiz va charm parchalari uning ustiga alanga bo‘lib yog‘ilib tusha boshladi. Sherxon kiyimlariga ilashgan olovning achchiq og‘rig‘idan xiyol hushiga kelib, ko‘zini ochdi. Olov uning qoshlarini va soqolini ham yamlab yeb kela boshladi. Sassiq tutunda nafas olib bo‘lmaydi. U qo‘li bilan yuzini olovdan to‘smoqchi bo‘ldi, shunda yenglari ham yonayotganini ko‘rdi-yu, so‘nggi najotni yerdagi tuproqdan izladi. Yerga ag‘anab, yuzini tuproq¬qa bosganicha yana hushidan ketdi...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:41:52
Sherxonning yon-veridagi qo‘riqchilari ham borut omborining portlashidan halok bo‘lgan edi. Uzoq¬roqda bo‘lgan va sog‘ qolgan odamlar nima voqea bo‘lganini fahmlab, yordamga kelgunlaricha Sherxon kuyib, halok bo‘lgan edi...
Sherxon yoshi oltmishdan oshgach, tug‘ilgan yurti Sasaramda chiroyli ko‘l o‘rtasidagi orolga o‘zi uchun salobatli marmar maqbara qurdirgan edi. Uni o‘sha maqbaraga dafn etdilar. Ammo Qalanjar devoridan qaytgan o‘q faqat borut omborini emac, Sherxon merosxo‘rlarining o‘zaro inoqligini ham portlatib yuborganday bo‘ldi.
Sherxonning katta o‘g‘li Odilxon janglarda ishtirok etmagan bo‘lsa ham, Agrada o‘zini otasining o‘rniga shoh deb e’lon qildi. Biroq boshqa bir qancha amirlar Sherxonning o‘rtancha o‘g‘li Jalolxonni valiahd deb tan oldilar. Faqat Sherxonning eng mashhur lashkarboshilaridan Havasxon Sirhindda Jalolxonga qarshi isyon ko‘tardi. Panjob hokimi Haybatxon ham Jalolxonni tan olmadi. Jalolxon Islomshoh degan yangi nom bilan taxtga chiqdida, Havasxon va Haybatxon¬larga qarshi urush boshladi.
Chunorda Sherxonning kuyovi Ahmadxon sur, Bangolada Ibrohim sur va yana boshqa-boshqalar yagona davlatni parchalab, o‘zlaricha mustaqil podsho bo‘lish harakatiga tushdilar.
Sherxon besh yil taxtda o‘ltirib, zo‘r shiddat va sur’at bilan tuzgan yangi davlat o‘zaro urushlarda, ichki nizolarda o‘shanday shiddat va sur’at bilan parchalanib keta boshladi.

_____________
* A sh o k a — Eramizdan oldingi III asrda o‘tgan va butun Hindiston yarim orolini birlashtirib, yagona davlatga aylantirgan podsho.
* J a v h a r — ayollarnnig o‘zlarini qilich tig‘iga tutib o‘ldirish odati.
* M u r ch a l — tosh, tuproq, yog‘ochlar yordamida yasaladigan sun’iy tepalik, ko‘tarma.
* O‘ t t i z  m a n — yigirma to‘rt kilogramm.
* S a v r n i n g  o‘ r t a s i — 7-, 8-mayga to‘g‘ri keladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:42:14
K O B U L,  B H I R A
KUYGAN KO‘ZLAR

Bu hodisalar xabari Kobulga javzo oyida yetib bordi. Kunlar isib, Kobul atrofidagi tog‘larning qori erigan sari faqat daryolardagina emas, buloqlarda ham suv ko‘payib ketdi. Shohi Kobul tog‘ining etaklaridan chiqadigan chashmalar suvi Gulkina mavzeidan nariga o‘tib, baland tepalik ustiga joylashgan arkning yon-veridagi maysazorlarga ham jildirab yetib keldi.
Qishda Qandahordan olib kelingan Akbar enagalari bilan shu arkda qattiq nazorat ostida saqlanar edi. Daryo bo‘yidagi Bog‘i Navro‘ziyda turadigan Xonzoda begim Akbarni o‘z dargohiga olib ketmoqchi bo‘ldi, ammo Komron mirzo ruxsat bermadi.
— Arkda soqchilar ko‘p, bu yer bola uchun bexa¬tarroq, — deb vaj ko‘rsatdi.
Lekin arkda Afzalbek va Qorachaxonga o‘xshagan Humoyunning g‘animlari bor, ular bolaga zimdan yomonlik qilishlari mumkin. Xonzoda begim ikki yarim yashar Akbarni quchog‘iga bosib, qulog‘iga shivirladi: — Anu amakilarning ilkidan hech narsa olmagin, eng shirin narsani bersa ham yemagin, xo‘pmi, jonim?
Akbarning onasinikiga o‘xshash yirik-yirik ko‘zlari katta ammaning yuziga hayrat bilan tikiladi. Kattalar orasidagi murakkab munosabatlarga hali uning aqli yetmaydi. Lekin arkka kelib-ketib turadigan ko‘zlari sovuq bek-u a’yonlardan bolaning o‘zi ham begonasiraydi. ba’zilari yasama takalluflar qilib, uni gapga solmoqchi bo‘lsa, bola qovog‘ini uyib indamay tura¬veradi. Goho ammasi Gulbadan begim ikki yoshli o‘g‘ilchasi Saodatyorni yetaklab keladi. Akbar ular bilan biyron tilda gaplashadi, Saodatyor bilan o‘ynab kuladi. Ayniqsa, Xonzoda begim kelganda:
— Momo keldi, momojon! — deb, chopqillab peshvoz chiqadi.
Mohim enaga unga gap o‘rgatdi:
— Hazrat begimni momo demang, hazrat amma deng!
— Yo‘q, amma — mana! — deb Akbar Gulbadanni ko‘rsatdi.
Yoshi oltmish yettiga kirgan Xonzoda begim so‘nggi yillarda yanada kichrayib, yengilgina bo‘lib qolgan. Xuddi vazni yo‘q farishtaday. O‘zi ham ko‘pincha yengil oq ipak kiyim kiyadi. Lekin boshidagi oq kasaba ro‘molidan ham sochi oqroq ko‘rinadi. U Akbarni bag‘riga bosib:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:42:27
— Momo degan tilingdan o‘zim o‘rgilay! — deb erkalatdi. — Mayli, men senga momo bo‘laqolay. Rahmatli bobong Bobur mirzoning ikki-uch yasharligi esimga tushmoqda. Men, besh yosh katta egachisi, uning beshigini tebratganman. Esimda bor, kichikligida qo‘lchalari, oyoqchalari ham Akbarnikidek to‘la-to‘la, miqti edi.
Xonzoda begim Akbarda Humoyundan ham, Hamida bonudan ham o‘tgan joziba borligini ko‘rdi-yu, ularni eslab yuragi ezildi. Yosh go‘dak onasini uch-to‘rt oy ko‘rmasa keyin uni taniy olmay qoladi. Shuni biladigan Xonzoda begim:
— Akbarjon, ota-onang esingda bormi? — deb so‘radi. — Hozir kirib kelsalar taniy olasenmi?
Beshikda qolgan o‘n bir oylik bola bir yarim yildan beri ko‘rmagan ota-onasini ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘lib urindi, lekin keltira olmadi. Ma’yus bosh chayqab:
— Yo‘q, — dedi.
Shunday sho‘x bola ota-onasi to‘g‘risida gap chiqsa, tirik yetimdek ma’yus bo‘lib qolishini ko‘rgan Mohim enaga ko‘ziga yosh olib, shivirlab hasrat qildi:
— Hazrat begim, bahor o‘tdi, bolalarimizni bog‘¬rog‘larga sayrga olib chiqolmadik. Bizni qo‘riqlash bahonasida hibsda saqlamoqdalar. Arkka suv meshda tashib kelinadi, ko‘kalamzori yo‘q. Devordan shunday pastga qarasangiz, maysazorda buloq suvlari oqib turibdir. Biz hammasidan mahrummiz.
Xonzoda begim boya kelayotganda Komron mirzoning to‘rt yashar o‘g‘li Ibrohim tarbiyachilari-yu qo‘riqchilari bilan arkning etagidagi ko‘kalamzorda naqora chalib, koptok tepib o‘ynab yurganini ko‘rgan edi. Komronning o‘g‘li shunday yayrab erkin yurganda Akbarni hibsdagiday tutishlari Xonzoda begimga chidab bo‘lmas bir adolatsizlik bo‘lib tuyuldi.
— Yuringlar, biz ham maysazorlarga chiqaylik! — deb, Akbarni qo‘lidan oldi. Mohim enaga va Jajji enaga o‘z o‘g‘ilchalarini yetakladilar. Ark darvoza¬xonasida turgan qurolli qo‘riqchilar.
— Ruxsati oliy bo‘lmasa Akbar mirzoni chiqarishga haqqimiz yo‘q, — dedilar.
Xonzoda begim Komronning hozir arkda yo‘qligini bilar edi.
— Hazratim menga ruxsat berganlar, — dedi qo‘riqchiga. — Butun mas’uliyatini men o‘z zimmamga olurmen. Oching darvozani!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:42:42
Jussai kichkina bu nuroniy kampir mamlakatning eng mo‘tabar kayvonisi ekanini qo‘riqchilar ham bilar edilar. Ular begimning malikalarga xos qat’iyat bilan bergan buyrug‘ini bajarishga majbur bo‘ldilar.
Tiniq buloq suvi yiltirab oqayotgan ariq bo‘yida, anvoyi dala gullari ochilib yotgan keng maysazorda Akbar va uning ikki ko‘kaldoshi yayrab quvlashib, rosa o‘ynadilar. Xonzoda begim bilan enagalar suv bo‘yida katta bir yong‘oq daraxtining soyasida gaplashib o‘ltirishdi. Shu payt bolalar chaladigan kichkina na¬qo¬raning tovushi eshitildi.
Komron mirzo navro‘z bayramida o‘g‘liga sovg‘a qilgan ikkita noksimon naqoraning yuziga tortilgan charmi qizil rangda. Yonlariga nuqradan chiroyli be¬zak¬lar qilingan. Naqora cho‘plariga oltin suvi yugurtirilgan. Naqorani bir xizmatkor yigitcha ikki qo‘li bilan tutib, orqasi bilan yurib kelmoqda. To‘rt yashar Ibrohim mirzo naqoracho‘plarni chalakam-chatti urib, biron kuyga o‘xshamaydigan xunuk tovushlar chiqarmoqda.
Akbar amakibachchasi Ibrohimni arkda ham ko‘p ko‘rgan. Begonasiramay uning oldiga chopib bordi. Chiroyli naqorachalarga havasi kelib:
— Menga cho‘pini bering, men ham bir chalay! — dedi.
Lekin podshoning o‘g‘li hisoblanadigan va atrofidagilardan ko‘p xushomadlar ko‘rib dimoq paydo qilgan erkatoy Ibrohim:
— Nari tur, sen chalolmaysen! — dedi.
Uch yashar Adham ko‘ka gapga aralashdi:
— Akbar sizdan yaxshi chalgay. Bering, ko‘rsatsin!
— Yo‘q, buni menga hazrat otam sovg‘a qilgan!
— Qaytarib olursiz! — dedi Akbar. — Bir chalib ko‘ray!
Ibrohim mirzo unamagach, Akbar naqoracho‘pga chang solib, uni tortib olmoqchi bo‘ldi. Ibrohim bermadi. Shu tortishuvning ustiga Komron mirzo besh-oltita otliq odamlari bilan kelib qoldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:42:57
— Bu ne mojaro? — deb o‘shqirdi. — Bularni kim arqdan chiqardi?
Xonzoda begim daraxt soyasidan turib otliqlar tomonga yurdi:
— Hazratim, men bularni olib chiqdim. Bahor o‘tib, ko‘kalamzorga chiqmagan ekanlar.
Komron sal shaxtidan tushdi-da, ammasiga salom berdi. Har qalay, u ham bu keksa kayvonidan hayiqib o‘rgangan edi. Lekin otdan tushib ko‘rishishga bo‘yni yor bermadi. Sherxon o‘lgani, Humoyunning ishlari yurishib, Qandahorni egallagani Komronni juda bezovta qilib qo‘ygan. Uning oltin yuganli oq oti ham o‘zi kabi sabrsizlanib, gijinglab turibdi. Komron yuganni tortib, orqada ot o‘ynatib turgan vaziri a’zam Bopusxon va Kobul shahrining hokimi Qorachaxonga yuzlandi. Naqora ham bayroq kabi eng martabali hokimlarga berilishini nazarda tutib:
— Bu Akbar bola halitdan naqora talashmoqda¬ku! — dedi.
Bopusxon xaxolab kuldi-yu:
— Hazratim lutf qildilar! — dedi.
Yuvosh otda sokin turgan Kobulning hozirgi shayxulislomi Said Xalil ham Komronning so‘zini yoqtirib:
— Ha, hazrati oliylari tuyaga minib uzoqni ko‘rdilar! — dedi.
Kichkina Akbar bu gaplarni uncha tushunmasa ham, otliqlardan begonasirab, qo‘lchalarini naqoracho‘pdan tortdi. Komron unga qarab:
— Senga naqora kerakmi? — dedi. — Shuni chalmoqchimisen? Ayt, bola!
Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Komron bu bolani arkdan beruxsat olib chiqqan keksa ammasiga qattiq gap aytolmagan bo‘lsa ham, ammo Akbarning adabini berib qo‘ygisi keldi. O‘g‘li Ibrohim mirzo unga Akbardan xiyla baquvvat ko‘rindi. Ibrohim Akbardan bir yarim yosh kata, yiqitishi aniq.
— Qani, bo‘lmasa, ikkoving kurash tushinglar! — dedi Komron Akbar bilan Ibrohimga. — Kim yiqitsa, naqora o‘shaniki!
Ibrohim naqoracho‘pni xizmatkoriga berib, Akbar¬ga tomon xezlanib keldi. Akbar kichik bo‘lsa ham, ko‘kaldoshlari bilan olishib o‘rgangan edi. Ikki bola¬ning ham bellarida belboqchalari bor. Olishuv bosh¬lan¬di. Mitti polvonlarning kurashiga otliqlar kulib qarab turishibdi. Komron mirzo jiddiy, Xonzoda begim bilan Mohim enaga xavotirda. Ibrohimning yoshi kattaligi qo‘l keldi. Akbar qattiq gandirakladi, oyog‘i o‘tloqda toyilib cho‘k tushdi. Ibrohim arkda ham alohida e’zozda yurar, ko‘p tantiqliklar qilib, Akbarni yetim boladay turtkilar edi. Nahotki Akbar undan yiqilib, shunday chiroyli naqoradan mahrum bo‘lsa?! Yo‘q! Bola Xonzoda begim bilan Mohim enaganing mo‘ltirab turgan ko‘zlaridan madad olganday tez qaddini tikladi, butun kuchini yig‘di-yu, Ibro¬himni dast ko‘tarib, o‘tloq yerga ag‘darib urdi va ustidan bosib tushdi. Akbarning tagida yotgan Ibrohim:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:43:11
— Bas, qo‘yvor! — deb yig‘lab yubordi.
Komronga bu yomon bir istiqbolning alomatidek tuyuldi. Uning g‘azabidan qo‘rqqan Mohim enaga chopib borib, bolalarni ajratdi-da, Ibrohimni turg‘i¬zib, ustini qoqa boshladi.
Komron o‘z o‘g‘lini jerkib:
— E, atala polvon, nechun yig‘laysen? — dedi. — Bas! Naqorani endi Akbarga ber!
Ammo Bopusxon oraga tushdi:
— Hazratim, siz ko‘rmadingizmi, Akbar to‘g‘anoq soldi-ku? Bo‘lmasa Ibrohim mirzo uni yiqitar edi!
Atrofidagilarnnig bunday xushomadlariga o‘rganib qolgan Komron mirzo darrov yolg‘on gapga ishongisi kelib:
— Men ko‘rmabmen, — dedi-da, Said Xalilga savol nazari bilan qaradi.
Doim Komronning zaifliklarini zo‘rlik alomati deb ko‘rsatadigan va uning maqtovga o‘chligidan foydalanib martabasi oshadigan Said Xalil ham xuddi to‘g‘anoqni o‘zi ko‘rgandek gapirdi:
— Astag‘firullo! Shunday kichik bola g‘irromlikka o‘rganganini qarang!
Uning gapini Qorachaxon ma’qulladi:
— Qandahorni g‘irromlik bilan olgan otasiga tor¬tibdir-da!
Atrofdan ketma-ket yog‘ilgan bu gaplar Kom¬ronning Humoyundan yaxshiroq ekanini, shu sababli Ibrohim ham Akbardan balandroq turishini yana bir marta isbot etganday bo‘ldi. Shu bilan xijolati bosilgan Komron mirzo ammasining ko‘zi oldida bir tantilik qilgisi keldi.
— Mayli, naqorani anu bolachaga ber! — deb Akbarni ko‘rsatdi. So‘ng o‘g‘liga tasalli berdi: — Sadaqa ham kerak. Senga bundan yaxshirog‘ini olib bergaymen. Yur, otga mingash!
Xizmatkor yigit naqorani Akbarga zug‘um bilan tutqizdi-da, Ibrohim mirzoni erkalatib qo‘liga oldi va otasining orqasiga mingashtirdi.
Ikki yarim yashar Akbar to‘g‘anoq nima, g‘irromlik qanaqa bo‘lishini bilmasa ham, otliqlarning ko‘z¬laridagi nafratni, gaplaridagi dashnom va kinoyalarni sezib, hayrat bilan qotib turibdi. Qo‘lidagi naqora ham endi uning ko‘ziga ko‘rinmaydi. Nega uni jer¬kishdi? Axir u yiqitdi-ku!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:43:26
Bolaning shu og‘ir iztirobini sezgan Xonzoda begim tez borib Akbarni bag‘riga bosdi:
— Bo‘yginangdan momong aylansin, mitti polvo¬nim! Kichik bo‘lsang ham yutding! Bu naqora sadaqa emas, sovrin! Haloling bo‘lsin! Chal!
Bu gaplardan Komron mirzonnig rangi bo‘zarib ketdi. Qorachaxon homiysiga yon bosib, Akbarga nafrat bilan tikildi-da:
— Hozircha chalib turing, g‘irromlikning jazosini hazratim keyin berurlar! — dedi.
Xonzoda begim Komronga ikki qo‘lini cho‘zib dedi:
— Adolat qiling! Axir siz haqgo‘y shoirning o‘g‘lisiz! O‘zingiz ham haqiqatni ulug‘lab latif she’rlar bitgansiz. Yoningizdagi janoblar sal insof qilishsin! Bu ma’sum bola g‘irromlikni qayoqdan bilgay. Oqni qora qilib ko‘rsatish shu darajada bo‘lurmi?!
Endi Qorachaxon va Said Xalillar Komrondan himoya kutib, unga ko‘z tikdilar.
— Begim, ot ustidan ko‘p narsa aniqroq ko‘rin¬gay,— dedi komron. — Sizning ko‘zingiz to‘g‘onoqqa tushmagan bo‘lishi mumkin. Ammo yonimdagi janoblar — mening suyangan tog‘larimdir. Bular ko‘zgu bo‘lib, menga haqiqatni ko‘rsaturlar. Men bu ko‘zguga qarasam, ko‘nglim ko‘tarilur. Siz mening ko‘zgumga tosh otmang, begim!
— Ammo, — dedi Xonzoda begim, — Qorachaxon janoblari begunoh bolani jazolamoqchi bo‘lib tahdid qilganlari — ko‘zguga tosh otish emasdirmi? Janoblar bilib qo‘ysinlarki, anu tepalik ustida hazrati Boburning qabrlari turibdir. Inimning ulug‘ ruhi bu bolani himoya qilgay! Agar Akbarga ziyon yetkazsalar, otangiz qabrlarida tikka turgay!
Komron sabrsizlanib o‘ynoqlayotgan otining yuganini asabiy tortib, uni sal tinchlantirdi, orqada qiynalayotgan o‘g‘ilchasini egarnnig oldiga olib, chap qo‘liga ko‘tardi:
— Hazrat begim, Akbarga hech kim ziyon yetkazgan emas! Ko‘rib turibsiz, to‘rt oydan beri biz buni o‘z o‘g‘limizdek asrab yuribmiz!
Mohim enaga bu orada Akbarni otliqlardan uzoq¬roqqa yetaklab olib ketdi. Ko‘kaldoshlari chiroyli naqorani o‘rab olib tamosha qila boshladilar. Lekin kattalar orasida asabiy gaplar bo‘layotganidan hayiq¬qan bolachalar naqorani chalgilari kelsa ham, bunga botinolmay jim turardilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:43:42
— Eng yomon xavf-u xatar Askariyning boshiga tushgan! — deb qizishib davom etdi Komron. — Siz adolatli amma bo‘lsangiz, askariyni qutqarishga yordam bering! Qizilboshlar Qandahorni olib, Askariy¬ning xazinasini talabdilar, haramini benomus qilibdilar!
Otliqlar qarshisida yolg‘iz turgan Xonzoda begimning jussasi kichik, o‘zi nimjon ko‘rinsa ham, ko‘zlari shernikiday yonib turar, so‘zlari o‘qday chiqar edi:
— Bunday tuhmatlarni inim Bobur mirzo shoh Ismoil bilan ittifoq tuzgan paytda ham ko‘p eshitganmiz! Hammasining yolg‘onligi keyin bilingay!
— Ammo Mirzo Humoyun Qandahorni qizilboshlar yordamida olgani yolg‘on emas-ku! — dedi Bopusxon. — Bu haqda hazratim ajib masnaviy yozmishlar. Bir o‘qishdayoq menga yod bo‘lib qoldi:

Chiqdi Xuroson saridin o‘g‘rivor
Keldi xom ta’ma aylabon Qandaxor,
Jam‘ bo‘lub bir necha badnom anga
Kufr o‘tining shu’lasini tez etib
Zulm-u sitam tig‘ini xunrez etib...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:43:57
— Ofarin, hazratim!
— Boplabdilar! Bobur hazratlaridan meros olgan she’riy iste’dodlari rosa kamolga yetibdir!
— Ammo bunday o‘tkir she’rni men Bobur hazratlarining devonlarida ham ko‘rganim yo‘q! — deb Bopusxon Komronni yana bir daraja baland ko‘tardi.
Qorachaxon darhol bu gapni ma’qulladi:
— Ustozdan o‘tgan shogirdga tasanno!
Komron maqtovdan yog‘day erib iljayib turar, hatto shoirlikda otasidan o‘zganligi haqidagi so‘zlarga ham e’tiroz qilmas edi. Buni ko‘rgan Xonzoda begim nima deyishini bilmay lol turib qoldi. Shu payt Humoyunning o‘z ukasi Komrondagi bu xislatni — maqtovga uchish odatini oynaga qarab aldanishga qiyoslab forscha yozgan ruboiysi begimning yodiga tushdi:

Dar oyina garchi xudnamoyi boshad
Payvasta zi xiyshtan judoyi boshad.
Xudro bamisoli g‘ayr didan ajibast
Intavr ajibi ham kori Xudoyi boshad*.

Boya Komron o‘z atrofidagi xushomadgo‘ylarini «bular mening oynam» deb aytgani bejiz emas edi. Bu «oyna» Komronni o‘zi istaganday o‘zgartirib, faqat ko‘rkam, jozibador tomonidan ko‘rsatishga o‘rgangan edi. Atrofidagilar siyratni suratdan ayirib olib, Kom¬ronni o‘zi to‘g‘risidagi haqiqatdan butunlay judo qi¬lishga intilishardi. Ana shundagina Komron to‘liq ularniki bo‘lardi. Ular Komronni Humoyunga qarshi qo‘yishdan manfaatdor edilar. Chunki Bopusxon vaziri a’zamlik unvoniga, Said Xalil diniy peshvolik lavozimiga, Qorachaxon Kobul hokimligiga aka-ukani urushtirib yurib erishgan edilar. Hozir ularnnig har birida xushhavo bog‘-rog‘lar, eng yaxshi jogirlar, eng katta boyliklar, imtiyozlar bor edi. Agar Humoyun Kobulga qaytib kelsa, Komron taxtdan tushadi-yu, Bopusxon va Qorachaxonlar barcha martaba-yu imtiyozlaridan mahrum bo‘ladilar. Humoyunning Bayram¬xonga o‘xshagan o‘z yaqinlari bor, ular Said Xalilga ham kun bermasligi aniq. Komron-ku Boburning o‘g‘li sifatida yana biron martabaga eri¬shar, ammo hozir uning atrofida turganlar Humoyun qaytsa hozirgi davr-u davronlaridan butunlay mahrum bo‘lishlari aniq. Shuning uchun Komronning o‘zidan ham ko‘ra uning atrofidagi a’yonlar aka-uka orasidagi ixtilofni iloji boricha avj oldirishdan manfaatdor edilar. Xonzoda begim qalbiga quyulib kelgan bu alamli o‘ylarni Komronga qanday aytishni bilmay bo‘g‘ilib gapirdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:44:12
— Hazratim, siz o‘z og‘angiz bilan bunchalik adovatga borishingizdan faqat yovuz odamlar suyunurlar. Ammo mening dilimda og‘a-ini adovati et bilan tirnoqni ajratgandagi kabi og‘riq qo‘zg‘aydir. Sizning otameros she’riy iste’dodingiz bunday adovatga zinhor xizmat qilmasligi kerak. Xudo xohlasa, siz hali Humoyun bilan yarashursiz. O‘shanda bu masnaviylar tilga olinsa xotiringizga qanchalik malol ke¬lishini bir o‘ylang!
Oq ot ustida turgan Komron bir lahza jim qoldi. Shu topda Komron Xonzoda begimning ko‘ziga otasidek savlatli va xushbichim ko‘rindi. O‘zi ham kuchga to‘lgan o‘tiz besh yoshli yigit, hamon chap qo‘lida ko‘tarib turgan kattagina o‘g‘lining og‘irligini go‘yo sezmaydi...
— Siz malolni aytasiz, begim, ammo hozir mirzo Askariyning hayoti xavf ostida, uni kim qutqargay? — dedi Komron.
— Agar biz qo‘yib bersak, Mirzo Humoyun qizilboshlarni Kobulga ham boshlab kelgay, — deb qo‘shimcha qildi Qorachaxon.
Said Xalil yoqasini ushlab:
— Yo alhazar! — dedi. — Kobulni ham shia mazhabiga o‘tkazmoqchi bo‘lib qirg‘in boshlasalar... adovatni ana o‘shanda ko‘ring!
Xonzoda begim yana Komronga murojaat qildi.
— Hazratim, bu vahimalarga ishonmang! Humoyun bunchalikka bormagay!
— Hazrat begim, siz bizga ishonmasangiz, balki Qandahorga borib voqeani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib kelursiz? — dedi to‘satdan Komron.
Xonzoda begim, «hozir juda pishib qolganmen, uzoq safarga yaramagaymen», deb, o‘zini birpas qaytardi. Ammo Komronni o‘zining haqligiga hech ishontira olmagandan so‘ng to‘satdan:
— Mayli, men Qandahorga boray! — dedi. — Agar mirzo Askariyning hayoti xavf ostida bo‘lsa, men unga shafo’ bo‘lay. Agar Askariyni qutqarsak, siz Humoyun bilan yarashgaymisiz, hazratim?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:44:27
Bopusxon ham, Said Xalil va Qorachaxon ham Komronga: «Yarashish xatarli!» deganday bezovta bo‘lib qarashdi.
— Mirzo Humoyun shialar xizmatiga o‘tib, juda katta gunoh qildilar, — dedi Said Xalil. — Shu gunohlarini yuvmaguncha hazratimning yarashmoq¬lari choryori bosafolar ruhiga munosib ish bo‘lmagay.
Komronga bu gap qo‘l keldi. U salmoqlab, vazmin gapirdi:
— Og‘amizning yana bir katta gunohi — hazrat otamizdan meros qolgan Hinddagi ulkan davlatni boy berganligidir. Sherxon olamdan o‘tibdir. Endi mirzo Humoyun Hindistonga qaytib, o‘sha davlatni tiklasin, shialar bilan orani uzib, poklansin. Ana undan so‘ng, biz u bilan yarashsak arzigay!
Gap shu bilan tugadi-yu, otliqlar arkka qarab ketishdi. Badqovoq amakilar uzoqlashgandan so‘ng Akbar bilan ikki ko‘kaldosh ularning g‘alvasini unutishdi-yu, chiroyli naqorani navbatma-navbat chalib o‘ynay boshlashdi. Ammo Xonzoda begim Komronni o‘rab olgan dog‘uli odamlarni xayolidan uzoqlashtirolmay qiynalardi. Nimasidir Boburga o‘x¬shaydigan ko‘hlik yigit, haroratli she’rlar bitadigan sohib iste’dod odamning shunday qallob muhitga tushib qolgani begim uchun katta baxtsizlikday tuyulardi. Ko‘pni ko‘rgan Xonzoda begim nazarida Komron oqni qora qilib ko‘rsata oladigan riyokorlar muhitiga go‘yo hukmfarmo, atrofidagilarga so‘zini o‘tkazadigan tojdor. Ammo atrofidagi riyokorlar zohiran unga bo‘ysunsalar ham, botinan uni o‘zlarining maqtovlariga asir, xushomadlariga mute qilib olganla¬rini Komron sezmaydi. Shuni o‘ylaganda Xonzoda begimning unga hatto rahmi keldi. Faqat Askariyni emas, hali Komronning o‘zini hm bu asoratdan kimdir qutqarmasa, butun umri va otameros iste’dodi hayf ketadi. Komronni haqiqat yo‘liga qaytarish Xonzoda begimning qo‘lidan kelmasligi bugun yana bir bor bilindi. Bu ish, ehtimol, Humoyunning qo‘lidan kelar. Xonzoda begim shuning uchun ham Qandahorga bo¬rishi va og‘a-inini bir amallab yarashtirishi kerak...

______________
* Tarjimasi: Garchi oynada o‘zingni ko‘rursen
Vale ul ko‘rganing o‘zing emassen.
(ya’ni, surat bilan siyrat orasida farq, judolik bor)
O‘zingni o‘zganing o‘rnida ko‘rish ajibdir
Ammo bu ajiblik ham Xudoning ishidir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:44:43
* * *

Baland tog‘lar orasidagi salqin Kobuldan Qandahorning jazirama issiqlariga kirib borgan Xon¬zoda begim birinchi kun ko‘p behalovat bo‘ldi. Xayriyatki, Humoyunning qarorgohi shahardan tash¬qaridagi sersuv bog‘ot joyda ekan. Humoyun ammasini boshiga ko‘targuday e’zozlab, ayvoni salqin sharsharaga qaragan eng xushhavo uyni unga bo‘shattirib berdi. Hamida bonu ham o‘g‘li Akbarning xabarini olib kelgan kayvonining atrofida girdikapalak bo‘lib, mehmondorchiliklar qildi.
Ularning ko‘rishmaganlariga besh yil bo‘lgan edi. Bu orada Xonzoda begimning oxirgi tishlari ham tushib ketgan, hozir milki bilan ovqat chaynaydigan bo‘lib qolgan. Hamida bonu ham ilgarigiday emas — yuzida qandaydir bemorlik va mahzunlik alomati bor, shu besh yilda o‘n-o‘n besh yosh ulg‘ayganday ko‘ri¬nadi.
— Har qalay, sizlarni birga ko‘rganim uchun tang¬rimga shukronalar ayturmen, — dedi Xonzoda begim.— Hamida bonu, ho‘, Jamna bo‘yida siz chavgon o‘ynab yurgan kezlarda qilgan orzularimiz yodi¬n¬gizdami? Shu orzuyimga ham Xudo yetkazdi, o‘g‘il¬chalaring Akbarjonni bag‘rimga bosib erkalatish menga nasib bo‘ldi.
Hamida kurash tushadigan, naqora chaladigan bo‘lib qolgan o‘g‘ilchasi haqidagi hikoyadan ham quvonib, ham yuragi ezilib ko‘ziga yosh oldi. Hu¬moyun esa o‘g‘lining qanday g‘olib chiqqanini eshitib xandon urib kuldi:
— Yaxshilik alomati bu. Demak, Komron ham yengilgay!
— Humoyunjon, — dedi Xonzoda begim iltimoskorona tovush bilan. — Ma’sum bolalarning kurashi bezarar. Ammo toj-u taxtli og‘a-inilarnnig adovati qanchalik baxtsizliklar keltirishini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Endi Komron bilan olishishni emas, yarashishni o‘ylang, jonim bolam!
Komron qilgan yomonliklar Humoyunning esiga tushdi-yu, butun dard-u alamlari birdan yangilandi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:44:58
— Ammajon, og‘a-ini adovati haqida mashhur «Yusuf-Zulayho» afsonasi bor. Lekin o‘sha afsonadagi  Yusufga o‘gay og‘alari qilgan yomonliklar ham mening o‘z inilarimdan ko‘rayotgan jabr-u jafolarim olida bir halvo, xolos! Inimiz Kobulga qanoat qilmay, Panjobni mendan tortib olgani, Sherxon bilan olishganimda nuqul poyimga bolta urgani, Qandahorda beshikdagi bolamizni chirqiratib, bizni begona yurtga quvgani, Qazvinga josuslarni yuborib fitna qo‘zg‘at¬gani!.. Qaysi birini aytayki, yuz o‘limlardan qolib, Qandahorga qaytib kelsak, Akbar yana yo‘q! Eng razil qaroqchilarday bolani o‘g‘rincha olib ketibdir! Endi uni garovda tutib, bizga tahdidlar qilishi qaysi darvozaga sig‘gay?! Agar o‘gay inilar boshimizga shunday og‘ir kunlarni solmasa edi, hozir ikkinchi o‘g‘ilchamiz ham olti oylik bo‘lar edi! Qizilboshlar bilan hamkorlik qilish, Qandahorni qaytib olish qurbonsiz bo‘lgan emas, ammajon!
Hamida bonu harbiy yurish paytida sovuq izg‘irinlarda Seyiston yo‘lida bevaqt tug‘ilgan va ikki kungina yashab qazo qilgan keyingi o‘g‘ilchasini eslab piq-piq yig‘lay boshladi. Unga hatto ot qo‘yishga ham ulgurmadilar... Shundan beri Hamidaning o‘zi ham kasalmand bo‘lib qoldi, bir vaqtlar chavgon o‘ynab yurgandagi sog‘ligi endi yo‘q.
Humoyun ham qirq yoshga kirmasdan soqol-mo‘yloviga oq tushgan, yuzlari uyqusizlikdan qotgan, ko‘zlari ichiga o‘pirilib tushgan.
— o‘ng ikki ming qizilbosh qo‘shini bir yildan beri yonimda xuddi uchqun tushsa portlaydigan borut omboriga o‘xshab yuribdir, — deb u so‘zida davom etdi. — Men ham Sherxonga o‘xshab portlab ketmayin deb kecha-yu kunduz ming ehtiyot bilan ish olib bormoqdamen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:45:12
— Ne bo‘lsa ham, qizilboshlarni Kobulga boshlab bora ko‘rmang, Humoyunjon. Otangiz bularni Sa¬marqandga boshlab borganidan umr bo‘yi armon qilib yurganini unutmang.
— Jannatmakon otam menga o‘z umrlarini baxsh etgan edilar. Endi bilsam, umrlariga qo‘shib, o‘z qismatlarini ham bergan ekanlar! O‘sha mag‘lubiyatlar, o‘sha quvg‘inlar, o‘sha sargardonliklar mening bo¬shim¬ga ham tushdi! Koshki o‘g‘limiz Akbarga bu jabr-u jafolar daxl qilmasa! Yo‘q, mening og‘ir qismatimga bugun murg‘ak o‘g‘limiz ham sherik! Mening boshimga tushgan balolar Akbarning joniga ham tahdid solmoqda.
— Bunchalik kuyunmang, Humoyunjon! Hazrat otangizning ulug‘ qismatlari bor! Inim Bobur ulkan zafarlarga ham muyassar bo‘lgan edilar! Hali siz ham, o‘g‘lingiz Akbarjon ham hazrat otangiz kabi katta yuksakliklarga ko‘tarilursiz!
— Shoyad shunday bo‘lsa! Ammo meni hozir qizilboshlar tashvishga solmoqda. Men ularni Qanda¬hordan to‘g‘ri Qazvinga qaytarib yuborish harakatidamen. Bu esa juda mushkul. Aksiga olib, falokat yuz berdi. Shoh o‘zining to‘qqiz yashar o‘g‘li Murodni Qandahorga hokim tayinlagan edi. Bolani ehtiyot qilib asrash uning atkasi Budagxonga topshirilgan edi. Budagxon jahli tez, dag‘al muomalali odam ekan, yana shia-sunniy janjallari boshlandi. Shuning ustiga qal’ada vabo tarqaldi. Shahzoda vaboga uchrab to‘satdan vafot etdi. Xayriyat, biz shahardan tashqarida alohida qarorgohda turibmiz. Bo‘lmasa bizga ham vabo yuqishi mumkin edi, shahzodaning o‘limida ham bizni ayblamoqlari mumkin edi.
Humoyun vaziyat murakkabligini, shohga voqeani chappa qilib yetkazuvchilar borligini hisobga oldi-yu, unga ta’ziya bildirib xat yozdi, voqeaning butun tafsilotlari bayon qilingan iliq, do‘stona maktubdan tashqari Askariyning xazinasidan musodara qilingan oltin-kumushlarni uch tuyaga orttirib, boshqa sovg‘a¬larni ham yoniga qo‘shib, bir karvon yuk qildi. So‘ng hammasini Bayramxon va uning yuztacha qo‘riqchi yigitiga topshirdi-da, darhol Qazvinga yubordi. Bir karvonga yuk bo‘lgan sovg‘alar va oltin-kumushlar Humo¬yunning ukasi Askariy uchun to‘lagan tovoni, ayni vaqtda, shoh bergan qarzlarning ortig‘i bilan qaytarilishi edi. Bundan mamnun bo‘lgan shoh Tahmasp Askariyni Humoyunning ixtiyorida qoldirishga rozi bo‘ldi. Shahzoda Murodning o‘limi uchun butun javobgarlik Budagxonning zimmasiga tushdi. Budag¬xon o‘ziga topshirilgan ishning uddasidan chiqa olmagani uchun Qandahor hokimligidan bekor qilindi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:45:36
Shu fursatdan foydalangan Humoyun shoh Tah¬masp ham yoqtiradigan, shia-sunniy nizolariga bo‘y bermaydigan Bayramxonni Qandahorga hokim qilib tayinladi. Bayramxon yana Qazvinga borib, shoh Tahmaspning bu qarorga roziligini olib kelgan kuni Humoyun uni ammasining oldiga boshlab kirdi:
— Poyqadamingiz yaxshi keldi, hazrat amma! Bayramxon shunday mushkul vazifalarni qoyil qilib uddalagani uchun, unga dargohimizning eng yuksak martabasi — xoni zamon unvonini berdik.
— Qulluq bo‘lsin! — deb  Xonzoda begim Bayramxonni o‘rnidan turib muborakbod qildi. Bu shoir yigit yigirma besh yasharlik paytlarida Bobur mirzoning o‘rtancha qizi Gulrang begimga oshiq bo‘lib yurgani kayvonining esiga tushdi. Hozir Bayramxon basavlat o‘rta yashar odam bo‘lsa ham, Xonzoda begim uni yigit o‘rnida ko‘rib dedi: — Ilohim, umringiz uzoq bo‘lsin! Humoyunga qilayotgan hamma yaxshiliklaringizdan xabarim bor. Agar yana bitta qizim bo‘lsa, sizni jon deb kuyov qilur edim!
Bu gaplardan hamma bir kulib oldi. Kulayotganlar orasida Xonzoda begimni ko‘rishga kelgan Saltanat begim ham bor edi. «Qizilboshlar Askariyning haramini benomus qilganmish», degan ovozlar haqiqatan uydirma gap bo‘lib chiqdi. Humoyun Askariyning xotini Saltanat begimni, boshqa ayollar va bolalarni o‘z himoyasiga olgan, qarorgohda ularga alohida chodirlar tikdirib bergan edi. Ammo Askariyning o‘zini Budagxon asir qilib qazvinga yubormoqchi bo‘lgani rost edi. Humoyun uni kafillikka olgan, qo‘shin orasidagi alohida o‘tovda atrofiga soqchilar qo‘yib hibsda saqlamoqda edi. Bugun ertalab Xon¬zoda begim o‘zi uni borib ko‘rdi.
Belida na qilichi, na kamari va na belbog‘i bor, soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan, yuzi siniqqan Askariy lablari pir-pir uchib:
— O‘zimdan o‘tgan, amma, — dedi. — Endi... og‘alarimizga ayting, adovatni bas qilsinlir. Shu ikki og‘a yarashsa biz ham tinchir edik.
Hozir Bayramxon keltirgan xushxabarlardan Hu¬mo¬yunning dili yayrab turgan paytda Xonzoda begim unga mehri tovlanib qaradi-da:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:46:08
— Hazratim, — dedi, — xudo rahmati otangiz sizga atab yozgan maktublarida bitgan edilarki, «ulug‘lar ko‘tarimlik bo‘lg‘ay». Siz katta og‘asiz, ulug‘siz. Komrondan o‘tgan bo‘lsa kechiring. O‘g‘lingiz Akbar ham xavf-xatardan qutulsin.
— Og‘a-ini adovati o‘zimning ham jonimga tekkan, — dedi Humoyun. — Nahotki to‘rt og‘ayni bir dasturxon atrofiga yig‘ilib o‘tirolmasak? Men qachonlardan berli hazrat otamning qabriga ziyoratga borganim yo‘q. Bir marta uchala inimni maqbaralariga boshlab borsam, «mana, otajon, to‘rt «ko‘z tugal», deb, otamning ulug‘ ruhini shod etsam, deb, shuncha orzu qilurmen. Komron hech bo‘y bermaydir. Axir u ham shu otaning farzandi-ku. Bir marta menga isho¬nib, Kobul darvozasini jangsiz ochsin. Hindol bilan Askariy hozir yonimda, birga olib boray. Komron ham yonimga kirib, ko‘mak bersin. Hindga qaytib, otamning ulug‘ davlatini tiklaylik. Ana undan keyin Kobul ham, Qandahor ham — hammasi yana Komronning ixtiyoriga o‘tgay.
Yurak qa’ridan chiqqan bu so‘zlar Xonzoda begimga shunday ta’sir qildiki, ko‘ziga yosh olib:
— Murodingizga yeting, Humoyunjon, muruvvatli qalbingiz bor! — dedi. — Men borib hamma gaplaringizni Komronga aytgaymen! Yakkama-yakka o‘ltirib so‘zlashurmen!
Xonzoda begim tezroq Kobulga qaytib, bu yangiliklarni Komronga yetkazmoqchi va uni insofga chaqirmoqchi edi. Biroq ruhini ko‘tarib, vujudini hayajonga solayotgan bu murakkab vazifalar uning yuragiga katta yuk bo‘lib tushmoqda edi, gohi-gohida nafas olishi og‘irlashib, o‘pkasi g‘ijillab qolar edi. Humoyun ammasini o‘zining xos hakimiga ko‘rsatgan edi:
— Hazrat begim, sizga orom kerak, hozir uzoq safarga chiqmaganingiz ma’qul, — dedi.
Humoyun ham ammasini olib qolmoqchi bo‘ldi. Lekin Xonzoda begim ko‘nmadi.
— Salqin Kobulga yetsam yaxshi bo‘lib ketgaymen, og‘a-inini men yarashtirmasam, xonadonimizda buni qiladigan boshqa kayvoni yo‘q, — deb turib oldi. — Akbarjonga ham Kobulda men kerakmen. Yo‘lga chiqay!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:46:20
Hamida bonu fil suyagidan va xushbo‘y sandal daraxtidan yasalgan o‘yinchoqlar, jajji etikchalar-u to‘nlar va ko‘ylakchalarni Akbarga atab berib yubordi.
Xonzoda begim Kobuldan o‘z kanizi va to‘rtta odami bilan kelgan edi. Humoyun ular yoniga yigirmata yigit qo‘shdi, ammasini mahofaga o‘tqazdi. Yigitlariga:
— Taxtiravon ham olinglar, — deb buyurdi. — Mahofa urintirib qo‘ysa, taxtiravon beozorroq, ko‘tarib ketgaysizlar.
Xonzoda begimning ruhi qanchalik tetik bo‘lmasin, tanasi yo‘l azobini ko‘tarolmaydigan bo‘lib qolgan edi. Buni o‘zi ham sezar, lekin Kobulga bir amallab yetib olishiga umid bog‘lab borardi.
Uch kun o‘tib, to‘rtinchi kuni mahofada behalovat bo‘la boshladi. Yuragi to‘xtab-to‘xtab urardi. Kanizi buni yigitlarga aytdi. Shundan so‘ng sakkiz yigit uni taxtiravonga solib qo‘llarida ko‘tarib bora boshladilar. Boshdan-oyoq oq kiyingan, ozib, yengilgina bo‘lib qolgan Xonzoda begim taxtiravon ichida xuddi o‘zi yo‘qday, faqat ruhi borday sokin borardi. Ko‘z oldidan butun hayoti, Farg‘ona vodiysida boshlangan yoshligi, inisi Bobur bilan Samarqand qamalida tortgan azoblari, Shayboniyxon haramida o‘n yil yashab topgan o‘g‘ilchasi Xurram bir-bir o‘ta boshladi. Xonzoda begim tush ko‘rdimi yoki alahsiradimi, o‘ng bir yoshli Xuramshoh tuman ichidan kulimsirab chiqib keldi-yu, onasini qo‘lidan oldi. Zum o‘tmay tuman osmondagi bulutga aylandi. Ona-bola osomnda muallaq turib qolganday bo‘ldi. Xonzoda begim yer uzoqlarda qolib ketganini ko‘rib, yuragi shuv etdi, o‘zi bola bilan pastga uchib ketganday bo‘ldi, shu ketishda hushini yo‘qotdi-yu, nafas olishdan to‘xtadi.
Uning qanday jon berganini hech kim sezmay qoldi. Taxtiravon Kobulhaq degan joyga yetganda yigit¬lar uni yerga qo‘yib, ochib qarasalar, Xonzoda begimning ko‘zlari abadiy yumilgan... O‘sha yigitlar ertasi kuni uning tobutini ko‘tardilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:46:35
* * *

Humoyun Qandahorni tinchitib Kobulga borganda, Komron qal’a darvozalarini ochmadi. Qamal boshlandi. Humoyun arkdan balandroq bo‘lgan Uqabayn tog‘iga zambarak va to‘fanglarni o‘rnatib, og‘a-inining orasini buzayotgan Bopusxon va Qora¬chaxonni o‘qqa tuttirdi. Bu o‘qlardan biri tasodifan Komronning tepasidan uchib o‘tgan edi. Akasiga o‘chakishgan Komron uch yashar Akbarni ichkaridan olib chiqdirdi-yu, o‘q kelayotgan tomonga to‘g‘rilab, tikka turg‘izib qo‘ydi. Qanday dahshatli xatarga ro‘baro‘ bo‘lganini bilmaydigan murg‘ak bola Kom¬ronning buyrug‘iga binoan ark hovlisi o‘rtasida ancha vaqt turdi. To‘fang o‘qlari yoniveridan vizillab o‘tganda ularga qiziqib qaradi. To‘p o‘qlaridan biri boshi ustidan oshib, ark devoriga urildi-yu chang ko‘tarib, toshlarni sindirib tushdi.
Akbar otasining o‘qiga nishon qilib qo‘yilganidan xabar topgan Mohim enaga ichkaridan dod solib chiqib, bolani o‘zinig gavdasi bilan to‘sdi. O‘q kela¬yotgan tomonga qarab qo‘llarini ko‘tardi, bor ovozi bilan baqirdi:
— Otmanglar-o-o!! Otmanglar! Akbar bu! Ak¬¬ba¬¬r-ar! Bolaga otmangla-ar!!
Nihoyat, tog‘dan o‘q otayotganlar bola bilan turgan ayolni ko‘rdilar. Mohim enaga jon holatda qichqirib «Ak-k-ba-ar bu-u!» degani Humoyunning qulog‘iga yetganda qo‘rquvdan sochlari tikka bo‘lib ketdi. Qal’a tomonga zambarakdan ham, to‘fangdan ham o‘q otishni qat’iyan taqiqladi.
Akbar o‘lim tahlikasini enagasi orqali sezdi. Boya devorni changitib, toshni sindirgan to‘p o‘qi enagaga tegishi mumkinligi bolada qo‘rquvdan ham kuchli bir kin va jahl uyg‘otdi. Mohim uni ichkariga ko‘tarib kirganda bolannig rangi oqarib ketgan edi. Mohim uni yerga qo‘yib, piyolada suv oldi. «Bola qo‘rqqan» deb, suv ichirmoqi bo‘ldi. Lekin Akbarning hushi joyida emas, piyolani urib yerga tushirib yubordi. Birdan dod solib yig‘ladi, ammo ko‘zlari namlanmadi. Dilidagi toshday qattiq bir jahl tuyg‘usi borlig‘ini iskanjaga olib qiynar, boyagi o‘qlarning vizillashi qulog‘idan nari ketmas edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:46:49
— Akbarjon, bas! Bas! O‘qlardan qutuldik! Yig‘i bas!!. Bo‘ldi bolajonim! Bo‘ldi!
To‘p o‘qining vahshati bilan birga bolaning qalbiga o‘rnashib qolgan o‘kinch va jahl hech tarqamas, Akbar o‘zini u yoqdan bu yoqqa otib yig‘lar, qo‘liga tushgan narsani uloqtirardi. Bolaning yig‘isini narigi uydan eshitgan Gulbadan begim chopib kirib keldi. Mohim bilan ikkovlashib, Akbarni kech bo‘lganda zo‘rg‘a yupatdilar. Bola uyqusida ham og‘ir xo‘rsinib yotardi. Buni ko‘rib Gulbadan begim ko‘ziga yosh oldi. Eshik-derazani bekitib, sham yorug‘ida Humo¬yunga maktub yoza boshladi:
«Hazrat og‘ajon, shukurkim, Akbarjonni Xudo bir asradi. Lekin uch oydan beri qamal azobi hammani jonidan to‘ydirdi. Bopusxon bilan Qorachaxonlarning zulmidan bezor bo‘lganlar kechasi devordan o‘zini tashlab, obmo‘ridan chiqib, siz tomonga qochib o‘tmoqda ekan. Bu o‘tganlardan biri mening maktubimni sizga yetkazar deb umid qilamen. Men eshitdimkim, Bopusxon bilan Qorachaxon bog‘ talashib urushib qolibdilar. Xudo rahmatli ammam Xonzoda begimning yaxshi bog‘i, hovli-joyi merosxo‘rsiz qolgan edi, shuni Qorachaxon olmoqchi ekan, vazir Bopusxon undan oldin komron mirzodan ijozat olib, o‘g‘liga xatlab beribdir. Shu tufayli bu ikki it suyak talashib urishib qoldilar. Bopusxon vazirligidan foydalanib, Qoracha¬xonni dorug‘alik amalidan mahrum qildi. Hozir Qorachaxon mingtacha askarga sarkarda. Charmgaron darvozasini qo‘riqlab turibdir. Kuyo¬vingizning inisi, mening qaynim Mahdixo‘ja ham uning askarlari safida. Bir kun mastlikda Qorachaxon Mahdixo‘jaga sizni maqtagan emish, Komronga xizmatga o‘tganidan endi afsus qilarmish, «hazrat Humoyun gunohimni kechirmagay-da, bo‘lmasa hu¬zurlariga bosh egib borar edim», degan emish. Podsholarning biridan boshqasiga qochib o‘tishga o‘rgangan bunday sotqinlarni o‘zlarining qurollari bilan yengish mumkin emasmikin? Ortiqcha qon to‘kilmaydigan biron yo‘lini o‘ylab toparmikinsiz, hazrat og‘ajon! Ko‘zlarimiz yo‘lingizga to‘rt bo‘lib najot kutmoqdamiz. Sizni sog‘inib, yig‘lab maktub yozgan singlingiz Gulbadan».
Humoyun bu maktubni olgach, o‘z askarlari safida xizmatda bo‘lgan kuyovi Xizrxo‘jaxonni chodirga chaqirdi. Xizrxo‘jaxon botir yigit, odob-axloqi Gulba¬danga ma’qul kelgan, o‘zi eshonlar avlodidan edi-yu, lekin yoshligida yaxshi tahsil ko‘rmagan, savodi yo‘q  edi. Humoyun bergan xatni qo‘lida aylantirib ko‘rdi, ko‘ziga sog‘inch bilan surdi.
— Tinchlikmikin, hazratim? Yoshlikda qunt bilan savod o‘rganmaganimdan endi dog‘damen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:47:03
Humoyun maktubni uning qo‘lidan olib, o‘qib berdi. Xizrxo‘jaxon chaqmoq mo‘ylovini mamnun silab, bahodirona keng ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi:
— Singlingiz bizga najot yo‘lini topib beribdir, hazratim! Agar buyursangiz men Qorachaxon bilan aloqa o‘rnatmog‘im mumkin.
Humoyun Qorachaxon bilan aloqa bog‘lashdan qanchalik jirkanmasin, boshqa yo‘l yo‘qligini sezdi.
— Iningiz Mahdixo‘ja Qorachaxon bilan Charm¬garon darvozasini qo‘riqlar ekan, — dedi Humoyun.
— Ha, men avval inimni topgayman.
— Mening Qorachaxonga... maktub yozgim yo‘q... Mabodo iliklasalar o‘ziga ham yomon bo‘lg‘ay... Siz mening nomimdan inontirib aytingki, kechasi el uxlaganda darvozani ochib bersa, nobakorning barcha gunohlaridan kechgayman, ko‘ngli tilagan inoyatlarni ham zahrimargiga olsin.
Tezroq Gulbadanga yetish ishtiyoqida yongan Xizrxo‘jaxon qavs* oyining muzday suviga kechasi obmo‘ri orqali tushib, suv tagidan nafas olmay o‘tib bordi...
Kelishilgan vaqtda Qorachaxon Charmgaron darvozasini sekin ochib berdi. Humoyunning qo‘shini qal’aga bostirib kirdi. U Komronni nima qilib bo‘lsa ham tirik qo‘lga tushirishni buyurgan edi. Lekin chaq¬qonlik va dovyuraklikda akasidan qolishmaydigan komron qo‘lda qilich bilan o‘ziga yo‘l ochib, qal’a¬ning boshqa darvozasidan qochib chiqib ketdi. Shu ketganicha Xaybar dovonidan oshib, Sind daryosidan o‘tib, qaynotasi Husayn arg‘un dargohidan panoh topdi.

_______________
* Q a v s — 22-oktabrdan 23-noyabrgacha.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:47:18
* * *

Ikki yarim yildan beri yolg‘iz o‘g‘lining diydoriga tashna bo‘lib yurgan Humoyun tong otganda Akbar yotgan arkka ot choptirib keldi. Lekin uyqudan barvaqt uyg‘otilgan bola otasini tanimadi — o‘ng oyligida bo‘lgan voqealar go‘dak xotirasidan allaqachon o‘chib ketgan edi. Buning ustiga qilich taqqan Humo¬yunning nimasidir shafqatsiz Komronni va tepasidan o‘tgan to‘p o‘qini bolaning esiga tushirdi. Akbar begonasirab orqaga tisarildi. Humoyun unga qo‘l cho‘zib yalindi:
— Akbarjon! O‘g‘lim! Seni xavf-xatarlar girdobida qoldirganim uchun kechir! Bilmasdan ottirgan o‘qlarim uchun kechir meni!
Otasining ovozi Komronnikidan butunlay bosh¬qacha ekani Akbarda iliq tuyg‘u uyg‘otdi. Shunday katta odamning ko‘zida halqalangan yosh, ovozida tovlangan iltijo bolaning ko‘nglini yumshatdi. Hu¬moyun uni avaylab quchog‘iga olganda Akbarga bu yoqimli tuyuldi.
Ko‘p o‘tmay Qandahordan Hamida begim ham yetib keldi. U kelguncha Gulbadan va Mohim enaga Akbarga onasining ko‘p belgilarini aytib berdilar. Shuning uchun Akbarning onasini tanishi uncha qiyin bo‘lmadi.
Hamida bigim Akbarni kecha-yu kunduz yonidan qo‘ymay parvarish qilar ekan, uning miqti va sho‘x bola bo‘lganini ko‘rib quvonardi. Faqat ba’zi kechalari to‘p o‘qiga nishon bo‘lgan o‘sha mash’um damlar bolaning tushiga kirsa bosinqirab uyg‘onar, rangi oqarib, o‘zini bilmay qolar, yig‘lab to‘polon qilar, uni yupatguncha ona ezilib, qiynalib ketar edi. Bolaning boshidan kechgan dahshatlar uning dilida umrbod unut bo‘lmaydigan asoratlar qoldirgani Hamidani tahlikaga solardi. U bu asoratni o‘g‘lining xotirasidan ketkazishga harakat qilib yurgan kezlarda yana yangi falokatlar yuz berdi.
Shimoliy chegaralarda shayboniyzodalar qutqusiga uchgan Badaxshon hokimi Humoyunga qarshi isyon ko‘tardi. Humoyun Badaxshonga qo‘shin tortdi va o‘sha yoqlarda olti oy qolib ketdi.
Buning xabari Sind viloyatida payt poylab yurgan Komron mirzoga yetib bordi. U bir necha yuz odamni oddiy dehqonlar, bozorchilar kiyimida Kobul darvozalari tomon yubordi. Shahar tinchib qolgan, atrof qishloqlardan bozorga don, meva, o‘tin olib keladigan kishilar uchun darvozalar har kuni azon payti ochiladi. Soyabon aravalarda don va meva o‘rniga qurolli navkarlarni bekitib olib kirgan Bopusxon eng avval qal’a darvozalarini egalladi. Asosiy kuchlar bilan pistirmada turgan Mirzo Komron Bopusxon ochgan darvozalardan ot qo‘yib kirdi-yu, butun qal’ani zabt etdi,  qarshilik qilganlarni ayovsiz o‘ldirdi, o‘tgan galgi mag‘lubiyat uchun ko‘p odamlardan qasd oldi. Bu xabar Humoyunga yetib borgach, u Badaxshondan Kobulga qaytdi. Ammo darvozalar yana bekik, Kom¬ron uni kiritmoqchi emas. Yana qamal boshlandi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:47:31
O‘tgan galgi qamalda humoyunning Qorachaxon bilan aloqa bog‘lashiga ayollar yordam berganini eshitgan Komron Mirzo Hamida bonu bilan Gulbadanni ilgari Mirzo Askariyning harami bo‘lgan  bir uyga qamatdi. Bopusxon begimlar qamalgan uyni oylar mobaynida soqchilar kuchi bilan saqlashga erindi-yu, uning eshik va darichalariga g‘isht qalatib bekittirdi. Suv va ovqat tom ustidagi mo‘ridan arqon bilan tushirib beradigan qilindi. Hamida bonu, uning o‘g‘ilchasi Akbar va qizalog‘i Jahon begim o‘z enagalari bilan mana shu zindonday eshiksiz va darichasiz uyda besh oy qamal azobini tortdilar. Qamoq davrida ikki yoshdan oshgan Jahon Sulton begim zindon azobiga bardosh bera olmay og‘ir kasal bo‘ldi-yu, onasining qo‘lida jon berdi. Besh yashar Akbar ham bu musibatni boshdan kechirdi.
Humoyun endi Komronni umrbod kechirmasligi kerak edi. Komron ham shunday deb o‘ylab oxirgi kuchlari qolgunicha u bilan olishdi, lekin yengilishi muqarrarligini sezdi-da, Kobul qal’asidan kechasi yashiriqcha chiqib, o‘ttiztacha odami bilan shimolga qarab qochdi.
Shu ketishda bu gal u Badaxshonning Toliqoniga bordi. Badaxshonning markazi — Zafar qal’asi edi. Humoyun bu qal’aning ixtiyorini amakivachchasining yosh bevasi Haram begimga va uning norasida o‘g‘illari mirzo Sulaymon bilan mirzo Ibrohimga topshirib kelgan edi. Haram begim o‘ttiz yoshli kelishgan juvon, janglarda erkakcha kiyinib, qilich chopadigan dovyurak, mard ayol edi, o‘ng besh ming Badaxshon yigiti unga so‘zsiz itoat etar edi.
Qamalda yengilib xazinasidan va qo‘shinidan ayrilgan Komron davlatmand juvon bilan til topish fikriga tushdi. Tarxon beka nomli bir dog‘uli ayol, «Amakisining bevasiga uylanish bizning ulusda bor odat, Haram begim sizdek bahodir yigitga zor bo‘lib yuribdir, men sizga uning rizoligini olib bergaymen», deb Komronni ishontirdi.
Komron o‘zining oshiqlik maktubiga Badaxshon La’li, hind marvaridlari va chiroyli kashmiri ro‘molni qo‘shib sovg‘a qildi-yu, Tarxon beka orqali Haram begimga yubordi. Haram begim Komronning oshiqlik maktubini o‘qidi, sovg‘alarini ko‘rdi, Tarxon beka so‘yloqli tishlarini ko‘rsatib xixilab kuldi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:47:46
— O‘ttiz yoshda ersiz yurish azob, aylanay, boshimizdan o‘tgan, — deb, behayo hikoyalar aytib, Haram begimning hirsini uyg‘otishga harakat qildi.
Haram begim qaynog‘a o‘rnida ko‘rib o‘rgangan Komron mirzonnig maktubi ham, oraga qo‘yilgan kampirning behayo gaplari ham Zafar qal’asining malikasiga qattiq haqoratday tuyuldi. Uning g‘azabi kelib, jallodni chaqirdi-yu, dog‘uli Tarxon bekani pora-pora qildirdi, boshini kesdirib, o‘zi keltirgan kashmiri ro‘molga tugdirdi-da, la’l-u marvaridlari bilan birga Komronga qaytarib yubordi. Inisining maktubini esa Humoyunga jo‘natdi.
Bu voqeadan xabar topgan Humoyun Komronning mag‘lubiyatdan dovdirib, es-hushini yo‘qotayotganini, yomon odamlar shundan foydalanib, uni yanada sharmandali ahvolga solishlari mumkinligini, otalarining ulug‘ nomiga isnod keltiradigan bunday ishlarning oldini olish ham katta akaning burchi ekanini o‘yladi. U endi nima qilib bo‘lsa ham Komron bilan bir uchrashishi, yuzma-yuz turib ochiq gaplashishi kerak edi. Faqat shundagina orani buzayotgan odamlarning ta’sirini qirqish va Komronni ularning asoratidan qutqarish mumkin edi. Qancha mushkul muammolarni yechgan Humon nahotki endi shu ishning uddasidan chiqolmasa? Nahotki o‘z inisining bergan ozorlarini unutishi, qilgan yomonliklarini ichiga yutib, u bilan bir marta yarashishi shu qadar qiyin bo‘lsa?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:48:01
Hamida begim Komronning nomini tilga olgisi kelmas, qamal oylarida dili yaralangan Akbar ham jajji singlisining qotili bilan otasining yarashishini istamas edi. «Komrondan endi umid yo‘q, yashirin odamlar yuborib, yasoqqa ketkazish kerak!» derdi Turdibek. Lekin Humoyun birodarkush bo‘lishni istamas, «rahmatli otam, «zinhor inilaringning qonini to‘kma!» deb vasiyat qilganlar» derdi.
Hozir Askariy bilan Hindol Humoyunning yonida, endi faqat Komron tentirab yuribdi. Humoyun uning oldiga Hindolni yubordi. «Bas endi, kelsin, gunohla¬ridan kechay», dedi. Ammo Komronning yonidagi Bopusxon, «bormang, yashirincha qatl ettirgay», deb uni qo‘rqitdi. Komron  yana yarashishdan bosh tortdi. Shundan keyin Humoyun Haram begimga maktub yozib, Komronni qurshovga olishda yordam berishni so‘radi. Haram begim o‘n ikki ming otliq qo‘shin yig‘di, o‘zi bu lashkarga bosh bo‘lib, Pomir tog‘ining janubiy etaklaridan Hindikush tog‘ining shimolidagi Ko‘talgacha olib keldi. Bu qo‘shinni Humoyunning ko‘magiga topshirdi-da, o‘zi yana badaxshonning zafar qal’asiga qaytib ketdi.
Kelinlarining mardona ishi Komronni vahimaga solib qo‘ydi. Agar u Humoyun bilan endi ham yarash¬masa tirik qutulib ketolmasligi aniq edi. Shundan keyin Komron Humoyun qarorgohiga odam yubordi:
— Hindol kelsin, birga borgaymiz, — dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:48:28
* * *

Ilk bahor kunlarida Humoyun Hindikush tog‘ining janubiy etaklariga yuzdan ortiq chodir tiktirdi. Ularning o‘rtasiga ko‘krakdor bir joyga ulkan saroparda o‘rnatildi. Borgoh va xirgohdan tashqari yana uch xil rangdagi uchta kimxob chodirni shu saroparda ichiga o‘rnatishdi.
Otliqlar ko‘p o‘tib yo‘l qilgan joydan to saroparda eshigiga qadar lolarang ipak poyandoz to‘shalgan edi. Hindol va Askariy ikki yonda, Komron mirzo o‘rtada, uchalasi shu poyandoz oldiga kelib otdan tushdilar. Naqoralar chalinib, qo‘sh surnay mayin navoni kuylab turibdi. Yaxshi kiyingan salobatli Komron mirzo lolarang poyandozga sekin qadam qo‘yib, inilarini ergashtirib kela boshlagan paytda saropardadan Hu¬moyun unga peshvoz chiqdi. Surnay va naqoralar tovushida jo‘shqin, quvnoq, hayajonli ohanglar paydo bo‘ldi.
Bu xayolot emas, tush ham emas. Humoyun ko‘pdan orzu qilgan va yetti yili kurashib yurib, nihoyat bugun muyassar bo‘layotgan haqiqat edi.
Bunchalik e’zoz bilan peshvoz olinishini kutmagan Komron akasining muruvvati oldida tiz cho‘kib uch marta yukundi. Hozir uning belida na qilichi, na xanjari bor, faqat kamarning o‘zi bog‘langan. Komron titroq qo‘llari bilan oltin kamarini yechdi-da, uni o‘zining bo‘yniga osdi. Bu uning taslim bo‘lganini bildirar edi. Shu bilan komron o‘zining gunohkor ekanini hammaning ko‘zi oldida tan oldi. Bundan ta’sirlangan Humoyun unga quchoq ochdi, odat bo‘yicha uch marta ko‘krakni-ko‘krakka bosib ko‘¬rishdilar. Shundan so‘ng Humoyun Komronning oltin kamarini bo‘ynidan olib beliga bog‘lab qo‘ydi. Saroparda ichidagi eng katta chodir og‘a-inilar uchun gulday yasatib qo‘yilgan edi.
Humoyun to‘rga o‘tdi-da, o‘ng yoniga Komronni o‘tqazdi. Askariy bilan Hindol ikki tomondan joy olishdi. Oltin kosalarda eng avval xushbo‘y gulob keltirildi. Bir kosa gulobni avval Humoyun, so‘ng Komron ichdi. Ikkinchi kosadagi gulobning bir qismini askariy ichib, qolganini Hindolga berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:48:41
Ziyofat boshlandi. Goh kiyik kabobini, goh kobuli sho‘rvani, goh farg‘onacha palovni olib kelib dasturxonga qo‘yayotgan bakovullar to‘rt og‘a-inini endi bir dasturxon atrofida ko‘rayotganlaridan xursand. Eng to‘ng‘ichi Humoyun — qirq yoshda, eng kichigi Hindol — yigirma sakkizda. Bugun dasturxon atrofida to‘rtovlaridan boshqa hech kim yo‘q. To‘rtovlari ham bir-biridan durkun bo‘lgani uchun katta chodirni to‘ldirib o‘ltirishibdi. Xizmatkorlar nazarida chodirda yetti-sakkizta odam o‘ltirganday.
Palovdan keyin Humoyun bitta chinni tarvuz so‘ydirdi. Tarvuzni teng ikki pallaga bo‘lib, bir pallasini Komron bilan Humoyunning oldiga, ikkinchi pallasini kichik inilar o‘rtasiga qo‘yishdi. Bahorgacha asralgan bu tarvuz juda shirin edi, to‘rtovlari ham uni maqtab-maqtab yedilar, baribir tarvuz ulardan ortib qoldi.
— Ana, — dedi Humoyun. — To‘rttalamizga bitta tarvuz yetib ortar ekan. Talashib-tortishishning ne hojati bor? Mamlakat ulkan — Qandahordan Badaxshongacha. Nahotki shu bizga yetmasa?
Komron xijolatdan qizarib, mahzun bir qiyofa bilan:
— Nachora, xom sut emgan banda ekanmiz, — dedi.
— Mayli, o‘tgan ishga salovot, — dedi Humo¬yun.— Qani, mirzo Komron, yangi she’rlardan bormi?
Gap yoqimli mavzuga ko‘chganidan yengil tortgan Komron:
— Hazrat otamizning mashhur bir ruboyilari bor. «Ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi, yo barcha murodlarni tark etsa kishi» deb boshlanur. Faqir shu yo‘lda bir ruboiy bitmishmen:

Yo bo‘lsa muyassar kishiga ilm ila hol*.
Yo topsa kishi saltanat avjida kamol.
Yo oshiftaye bo‘lsa ko‘rub husn-u jamol
Yo bo‘lsa tamom o‘zligidin forig‘bol*.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:48:57
Humoyun hozir og‘a-ini adovatidan qutulib, forig‘bol bo‘lib o‘ltirgani uchun, so‘nggi satr unga juda yoqdi:
— Ko‘nglimdagi so‘zlarni bitibsiz, amirzodam! Dunyodagi eng yomon tutqunlik — odamning o‘zligidan forig‘bol bo‘la olmasligidir. Bundan oldin bir masnaviy ham bitgan ekansiz. Mening xotiramda bir necha satri qolmishdir. Unda ham haq so‘zlar bor.
— Qaysi masnaviy ekan, hazratim? Biror satrini eslating.

«Yaktalab-u, yaqdil-u, yakxo‘y bo‘l,
Borcha xaloyiq bila yakro‘y bo‘l»

— Bul ham hazrat otamning masnaviylariga o‘xshab ketadir, — dedi Hindol.
— Ha,— davom etdi Humoyun. — Quyidagi to‘rt satrini Komron men kabilarga bag‘ishlab yozgan deb o‘yladim:

Ey, o‘zini joh ila mast aylagan,
Himmatin ul poyada past aylagan.
Himmat emas ulki, jahon olg‘asen
Himmat erur buki, borin solg‘asen*.

Komron akasi bilan xafalashib yurganda bu satrlarni unga qarshi qaratgani rost edi. Lekin hozir u she’rdagi kinoyani o‘ziga oldi:
— Bu satrlarda men o‘zimga murojaat etmishmen, hazratim! Yodingizda bo‘lsa jannatmakon otam bir qancha masnaviylarni o‘zlariga qarata bitgan edilar. Sekrida may ichishdan tavba qilganda o‘zlariga murojaat etib aytgan masnaviylarini eslang:*
— O‘zingizga murojaat etganingiz — bizga ham murojaat qilganingiz emasmu, amirzodam? — dedi Humoyun kulimsirab. — Axir biz hammamiz bir xo¬n avlodidanmiz.
— Bu rost, ammo men avvalgi da’volarimdan voz kechib, o‘zligimdan forig‘bol bo‘ldim. Himmat — barini olishda emas, baridan voz kechishda ekanini endi astoydil his etdim.
— Bu his sizga ham tanish bo‘lsa kerak, hazratim?— deb Hindol Humoyunga Agrani eslatdi. — O‘shanda siz hatto taxtingizni, butun hazinangizni saqqo yigit Nizomga berib qo‘ygan ekansiz. Afsuski, biz o‘shanda yoshlik qilib bu yuksak himmatning qadriga yetmagan ekanmiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:49:11
— Endi qadriga yetdingizmi, axir? — kulib so‘radi Humoyun. Bu savolga har uchala ini tasdiq javob berdilar.
— Undoq bo‘lsa, to‘rttalamiz bu kecha mana shu saroparda ichida birga uxlagaymiz. Damni olib, ertaga Kobulga hazrat otamning qabrini ziyorat qilgani borgaymiz.
Humoyun ataylab bek-u a’yonlarni oraga qo‘sh¬maslikka harakat qilar, chunki ularning Komronga bog‘liq gina-kuduratlari ko‘p — Bopusxon qamal paytida birining akasini o‘ldirtirgan, birining singlisini benomus qilgan, lekin odamlar buni Komrondan ko‘rar edi.
To‘rt og‘ayni qo‘riqchi yigitlari bilan Kobul ko‘chalarini to‘ldirib o‘tdilar, minglab odamlarning e’tibori ostida baland tepalik ustidagi Bobur maqba¬rasiga ko‘tarildilar.
Otalari hayotligida tog‘dagi chashmalardan bu yergacha ariq qazdirib, suv olib kelgan va to‘rtta chinor ektirgan edi. Yigirma yil ichida ular yuqoriga bo‘y cho‘zib, katta daraxtlarga aylangan.
Bu xushhavo joyga shimoldan — Amudaryo va Sirdaryo tomondan esgan shamollar Bobur tug‘ilib o‘sgan joylarning ezg-u isini olib kelardi. Janubdan esgan shamollar esa Bobur Kobul daryosi bo‘yida va Jamna qirgoqlarida barpo etgan bog‘larning muattar hidini keltirib turganday bo‘lardi.
Otalarining vasiyatiga binoan, uning xoki Agradan hind tuprog‘i bilan birga keltirilib qabr ichiga solingan edi. Qabr ustidagi oltinrang marmar esa Samar¬qandning G‘ozg‘onidan tuyalarga ortib kelingan va Kobulda tarashlanib, sayqal olgan edi. To‘rt o‘g‘il maqbara ichiga chuqur sukut bilan kirib, qabr toshi¬ning ikki yoniga va oyoq tomoniga cho‘k tushib o‘ltirdilar va tilovat qildilar. Humoyun otasining o‘lmas ruhini tirik his qilib, unga hayotligidagidek murojaat etdi:
— Hazrat otajon, shukur, mana, barcha o‘g‘illa¬ringiz sog‘, omon. Huzuringizga birga kelish orzusida edik. Bugun shu orzuga yetdik. — U inilariga yuzlandi: — Padari buzrukvorning ruhlari oldida ahd qilaylik, Komron, Askariy, Hindol — barchamiz minba’d ahillikni hech buzmaylik! Hech bir kimsa oramizga nifoq sololmasin. Omin!
— Omin!
Hindol akasining so‘zlaridan qattiq ta’sirlanib, ko‘ziga yosh oldi.
Komron esa bosiqlik bilan:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:49:25
— Omin! — dedi-yu, ichida hindolni «hali ham bola» deb qo‘ydi. Askariy ham Komrondek bosiq. U Humoyundan ko‘ra Komronni tezroq tushunadi. Humoyunning odam erishib bo‘lmaydigan narsalarga ishonishi va intilishi, hozirgiday otalarining qabri oldida tirik odamga so‘zlagandek gapirishlari Komron bilan Askariyga kitobiy bir xayolparastlikdek tuyuladi. Agrada Humoyunnig oliy tabaqani «ahli davlat», «ahli saodat», «ahli murod» kabi qismlarga bo‘lganlari, butun jamiyatga esa tabiatdagi chor unsur asosida tartib bermoqchi bo‘lganlarini, eshkakchi Nizomni podsho qilib ko‘targanlari hozir Komronning esiga tushib kulgisini keltirdi.
Bobur maqbarasidan nariroqda Xonzoda begim¬ning qabri ustiga qo‘yilgan odam bo‘yidan balandroq oq marmarga Humoyun shikasta harflar bilan dil so‘zlarini o‘ydirib yozdirgan edi. Hozir u ukalarini ammasining qabri oldiga boshlab keldi-da:
— Bu ulug‘ ayol umr bo‘yi otamizga-yu bizga o‘zini fido qilib yashadi, — dedi. — Hayotining oxirgi daqiqalarigacha to‘rtovimizni birga ko‘rish orzusida bo‘ldi. — Humoyun ammasining ruhiga ham xuddi tirik paytidagidek murojaat etdi: — Hazrat ammajon, arvohingiz shod bo‘lsin, siz orzu qilgan kunlarga yetishdik. Ulug‘ ruhingiz bizga hamisha madad bersin! Omin!
Komron bu gal yuziga istar-istamas fotiha tortdi, akasining bu gaplari, uning nazarida, ulkan podshoga yarashmaydigan bachkanalikday tuyulardi.
Humoyun ertalab bu yoqqa kelayotib, maqbara etagiga ko‘chat olib chiqishni va chuqurchalar qazib qo‘yishni buyurgan edi. Pastdagi ariq bo‘yida Tur¬dibek u aytgan ishlarni taxt qilib, to‘rt og‘aynini kutib turgan edi. Humoyun xilxonadan chiqib buni ko‘rdi-yu, inilariga:
— Hozir ilk bahor, ayni nihol o‘tqazadigan payt,— dedi. — Yuringlar, otamiz qazdirgan ariq bo‘yiga biz ham ko‘chat ekaylik, hozirgi mas’ud damlardan xotira bo‘lib qolsin.
Humoyun chinor ko‘chatini chuqurchaga solib, o‘zi tuproq tortmoqchi bo‘lgan edi, navkari ketmonni bermadi:
— Hazratim, siz tutib tursangiz bas!
Ammo Humoyun bunga ko‘nmay ketmonni tortib oldi-da, ko‘chat tagiga o‘zi tuproq tashlay boshladi. Umrida qilmagan bu ishga uning qo‘li kelishmayotganini ko‘rgan Komron akasining kulgi bo‘lishidan ozorlanib:
— Bas, hazratim! — dedi. Komronning hokimona ishorasi bilan navkar tez ketmonni Humoyunning qo‘lidan oldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:49:41
Komronning o‘zi esa ko‘chatni tutib turdi, ammo ketmonsopga qo‘l tekkizmadi. Aslzodalarga xos nazokat bilan tarbiya ko‘rib o‘sgan Komron, «avomga o‘zingni teng tutsang, darhol tepangga chiqgay», degan e’tiqodda edi. Humoyun esa beg‘ubor oddiy odamlarga yaqin bo‘lishni yaxshi ko‘rar, o‘g‘li Akbarning to‘yida u hatto Imomquli degan navkari bilan kurash tushgan edi.
To‘rt og‘ayni faqat o‘zlari qolganda uncha bilinmaydigan bunday farqlar ular jamiyat orasiga kirgan sari ko‘zga yaqqol tashlanadi va birini biridan uzoq¬lashtira boshlaydi. Ko‘pchilik Humoyundan mamnun. Og‘a-inining olishuvlaridan bezor bo‘lganlar, «xay¬riyat, endi tinchidik», deb quvonadi, «Humoyun inilari qilgan yomonliklarni yuzlariga solmay, hurmatla¬rini joyiga qo‘yib, yonida e’zozlab olib yuribdir, bag‘rikenglik bundan ortiq bo‘lg‘aymi?» degan maqtovlar Komronning qulog‘iga ham chalinadi. Hozir bu yarashish nuqul Humoyunning obro‘sini oshirayotganday, Komron esa Kobuldagi avvalgi nufuzini yo‘qotib, pastlab ketayotganday tuyuladi-yu, kun sayin qattiq botadi. Ayniqsa, qamal paytda undan jabr ko‘rgan odamlarning ko‘zlaridagi kudurat Komronga tikanday sanchiladi, qarindosh ayollar bilan ko‘rishganda Hamida bonu unga ko‘zlari to‘la musibat bilan shunday tikildiki, Komronning ko‘ngli allaqanday bo‘lib ketdi. U Humoyunning qamal paytida zindonda jon bergan qizi — ikki yoshli Jahon Sulton begimning o‘limi uchun javobgar ekanini mungli onaning nigohidan sezganda, bu ko‘zlarning o‘tkir dardi go‘yo nayza bo‘lib otildi-yu, Komronning diliga qadaldi. Eshik darichalariga g‘isht qalanib, qamoq¬xonaga aylantirilgan qorong‘i uyda singillari gulbadan ham bir necha oy zindon azobini tortgan, endi u ham Komrondan ko‘rgan azoblarini unuta olmas edi... Humoyunga sadoqatli beklardan bir qanchasi Bopus¬xon tomonidan ayovsiz o‘ldirilgan, ba’zilarining xotinlari bozorda xaloyiqning oldida benomus qilingan, ularning tirik qolgan og‘a-inilari buni ham Komrondan ko‘rishardi. «Sen farmon bergansen, qasdini sendan olmog‘imiz kerak!» degilari kelib, Komronga intiqom to‘la ko‘zlar bilan tikilishardi. Humoyun qasoskorlarning hovurini bosish uchun Bopusxonni hibs qildirdi. Afzalbek Sindga borganda Sherxonning o‘g‘li Islomshoh tomonga o‘tib ketgan, Qorachaxon kechasi darvozani yashiriqcha ochib bergandan beri humoyun xizmatida yurar edi. Lekin bek-u a’yonlar orasida Qoracha¬xonning e’tibori  yo‘q, soliq yig‘uvchi mahkamada uchinchi darajali bir lavozimdagi ishlar, hech kim uni pisand qilmas edi. Bundan alamzada bo‘lib yurgan Qorachaxon paytini topib Komronning qarorgohiga keldi, tiz cho‘kib, undan uzr so‘radi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:49:56
— Men hali ham sizni valine’matim deb tan olurmen! — deb shivirladi. — Oh, qani o‘sha davr-u davronlarimiz? Agar men sizga kerak bo‘lsam, chorlang, yerning ostidan bo‘lsa ham huzuringizga yetib kelurmen!
— Fitna-yu sho‘rish endi bas! — deb Komron unga yon bermadi. Chunki hozir Komron qarorgoh qilgan Bog‘i Navro‘ziyda Humoyunga gap yetkazadigan xufiyalar bo‘lishi mumkin edi. — Yaxshilik yo‘lidan yursangiz, bir kun yana uchrashgaymiz. Unutmaga¬ningiz uchun tashakkur!
Bu tashakkur — uning Qorachaxonni kechirgani edi. Har qalay, Komronni Humoyundan baland qo‘yib e’zozlaydigan odam ham borligi Komronning diliga taskin berdi. U Qorachaxondan Said Xalilni so‘radi.
— Bechora qiltomoq bo‘lib qoldi, — dedi Qorachaxon. — Ikki oydan beri tomog‘idan ovqat o‘tmay qoqsuyak bo‘lib yotibdir. Bilmadim, necha kunligi bor...
Komron Said Xalilni ko‘rgani bordi. Bir vaqtlar yerni bosaymi-bosmaymi deb kekkayib yuradigan Said Xalil hozir odam ko‘rsa seskanadigan ko‘kish-sariq murdaga o‘xshardi. Lablari qimirlaganda xuddi o‘lik yotgan odam gapirib yuborganday Komronning eti jimirladi.
— Siz... — deb pichirladi Said Xalil Komronga...— Siz taxtni oling! Og‘ongiz... nomunosib!..
Bir tomonda — Humoyunni Komrondan yuz chandon baland qo‘yib maqtayotgan bek-u a’yonlar, ikkinchi tomonda ozchilik bo‘lsa ham, har qalay, Komronni otasining taxtiga eng munosib deb biladigan eski qadrdonlar... Komronga bu ikki muhit — qaychining ikki tig‘idek tuyular, Kobulda yurganda ruhi shu tig‘lar orasida qolib qiymalanayotganday azob tortar edi.
Bu, ehtimol, ona suti bilan kirgan g‘ayrishuuriy bir tuyg‘udir. Chunki Komronning onasi Gulruh begim kundoshi Mohim quvonganda ezilar, aksincha, Mohimning boshiga farzand dog‘imi yoki boshqa biron kulfat tushsa o‘zini undan baxtiyorroq sezib, dili taskin topardi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 08 Dekabr 2009, 08:50:10
Komron ham Humoyunnnig obro‘si ortganidan quvonolmas, balki ruhi tushar edi. Akasining ma’naviy g‘alabasi unga o‘zining ma’naviy mag‘lubiya¬tidek tuyulardi. Uning ko‘zini kuydirib, raqobat hissini xurujga keltirayotgan narsalar ko‘paygan sari kechalari uxlay olmay chiqdi-yu, siniqqan yuz bilan Humoyunga murojaat qildi:
— Men bu jamiyatdan uzoqroqqa ketay, hazratim. Ulug‘ muruvvatlaringizni toabad unutmagaymen. Endi... tinch bir go‘sha bo‘lsa, ijod qilsam...
O‘sha kezlarda Humoyunning qalamravidagi eng uzoq o‘lka — shayboniyzodalar davlati bilan chegaradosh bo‘lgan Ko‘lob edi. Komron Ko‘lobga, Askariy esa unga qo‘shni Toliqonga tayin bo‘ldi va tez kunda o‘z viloyatlariga jo‘nab ketdi.
Kobulda Hindol bilan qolgan Humoyun endi Hindistonga qanday qilib qaytish yo‘llarini o‘ylar edi. Bu yo‘llar Humoyun uchun hali ham berk. Sher¬xonning o‘g‘illari orasida eng g‘ayratlisi bo‘lgan Islomshoh o‘ziga qarshi bosh ko‘targan kuchli sarkardalar — Havasxon va Haybatxonlarni yengib, Gvalior qal’asiga hibs qilgan. U Panjobda zo‘r davlat tuzib, qo‘shinini yuz mingga yetkazgan. Humoyunda hali Islomshohga bas keladigan kuch yo‘q. Dehli, Agra, hatto uzoq Bihar va Bangoladan Kobulga, Humoyun saroyiga eski qadrdonlaridan xat-xabarlar, vakillar kelib turibdi. O‘sha yoqlarda bir-biri bilan hokimiyat talashib, el-ulusning boshiga behisob baxtsizliklar keltirayotgan Ahmadxon va Odilxon surlar¬ning zulmidan bezor bo‘lgan odamlar Humoyunni tezroq Hindistonga qaytishga va o‘z tarafdorlarini bu balolardan qutqarishga undaydilar. Humoyunning o‘zi¬dagi eng zo‘r istak ham shu. Ammo yoshi qirqdan oshib, mulohazakor bo‘lib qolgan Humoyun hali Hindga qaytishi uchun fursat yetilmaganini, tarix qozoni yana uzoq qaynashi kerakligini sezadi. Islom¬shoh ming urinsa ham to‘xtatolmaydigan ichki bir nurash xuddi tog‘ yonbag‘rining asta-sekin ko‘chishiga o‘xshab, Sherxon tuzgan davlatni ichdan yemib bormoqda. Buni Humoyun Hindistonga maxfiy tarzda borib kelayotgan o‘z mushriflarining axborotidan bilib turibdi. Bu ichki nurash o‘z ishini qilib bo‘lguncha Humoyun shoshmasdan kuch to‘playdi va qulay vaziyatni sabr-bardosh bilan kutadi.

____________
* H o l — bu yerda qaror topish, maqsadga yetish.
* F o r i g‘ — ozod bo‘lish, tashvishdan qutulish; bol — dil, jon; f o - r i g‘ b o l — dil-u jonning ozod bo‘lishi.
* S o l g‘ a s ye n — «baridan voz kechgaysen» ma’nosida.
* Necha nafsingga bo‘lursen tob’e?
   Necha umringni qulursan zoye’.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:57:26
* * *

Bahor suvlaridan loyqalanib oqayotgan Kobul daryosining shovullashi O‘rta*  bog‘dan baralla eshitilib turadi. Chorchamanlari va marmar ko‘shklari Bobur tomonidan rejalashtirilgan bu markaziy bog‘ning nomini ham uning o‘zi qo‘yib ketgan. Bu bog‘ning qizg‘ish qum to‘shalgan orasta yo‘lkalarida ko‘kal¬doshlari bilan chopib o‘ynab yurgan olti yashar Akbar:
— Adham, Aziz, kelinglar «Bayramxon» o‘ynay¬miz, — deb qoldi.
Bu o‘yninni uch o‘rtoqdan boshqa hech kim bilmaydi. Otasining beklari orasida Akbarga eng yoqadigani Bayramxon. Otasidan ham bu odam to‘g‘risida ko‘p g‘aroyib hikoyalar eshitgan. Bayramxon hozir Qandahorda, Kobulga kam keladi. Lekin har kelganda Akbarga fil suyagidan va sandal daraxtidan yasalgan g‘alati o‘yinchoqlar sovg‘a qiladi. Bir marta mana shu bog‘da u Akbarga va ko‘kaldoshlariga qilichbozlikdan saboq ham berdi. O‘shanda Akbar o‘z otasining ikki qo‘llab qilich chopishini, Elbrus tog‘ida ov paytida Yoqub Sherafkan bilan bo‘lgan xatarli jangda chap qo‘l bilan qilich urib qanday g‘olib chiqanini aytib berdi.
Bayramxonning bu hikoyasi Akbarga shunday ta’sir qildiki, u ham o‘ng qo‘lini belboqchasi bilan yonboshiga bog‘latib qo‘yib, bo‘yiga yarasha yog‘och qilichini chap qo‘li bilan ishlatishga  o‘rgandi. Hali qo‘li qotmagan yosh bola uchun chap qo‘lini ham o‘ng qo‘liday yaxshi ishlatishga o‘rgatish uncha qiyin emas edi. Shundan keyin tengdosh-ko‘kaldoshlari orasida Akbar yog‘och qilichni hammadan yaxshi chopadigan bo‘ldi. Bayramxonga ixlosi ortib, uni:
— Xonbobo! — deb ulug‘ladi.
Soqoli Humoyunnikidan oqishroq va bo‘liqroq, yoshi ham kattaroq bo‘lgan Bayramxon bolaning topag‘onligidan zavq qilib kuldi:
— Shahzodaga bobo bo‘lish ham katta sharaf! Mayli, meni xonbobo deyvering.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:57:38
Shundan keyin Adham bilan Aziz ham Bayram¬xonni «xonbobo» deb ataydigan bo‘ldilar va undan o‘z sarguzashtlarini aytib berishini iltimos qildillar. Shoirlikda so‘z ta’sirini oshirib o‘rgangan Bayramxon og‘zaki hikoyani ham juda maroqli qilib aytar edi. Ayniqsa, uning Sherxonga qanday asir tushgani, so‘ng Abulqosim Jaloyir uni qanday qutqargani bolalar diliga go‘yo naqshlanib qoldi. Bayramxon Qandahorga qaytib ketgandan so‘ng, uch o‘rtoq uning shu hiko¬yasi asosida bir o‘yin o‘ylab chiqardilar. Adham Sherxon bo‘lib yog‘och qilich taqdi. Akbar — Bayramxon bo‘ldi. Aziz — Abulqosim. Sherxon — Adham ular¬ning ikkovini tutib oldi-da:
— Kim Bayramxon? — deb o‘shqirdi. — Chiq oldinga, hozir boshingni kesgaymen!
Shunda Akbar:
— Men Bayramxon, — deb oldinga chiqdi. Ammo Aziz Abulqosim bo‘lib, undan oldinroqqa o‘tdi-da:
— Bu Bayramxon emas, — dedi. — Men Bayramxon! Bu mening navkarim!
— Yo‘q, men Bayramxonmen! — deb Akbar yana oldinga chiqdi.
Shu payt qoidaga binoan Aziz Akbarning yuziga bir shapati urishi:
— Jim tur, sen navkarsen, Bayramxon — men! — deyishi kerak edi. Ammo Akbarning shahzodaligini doim esda tutish, hatto o‘yinda ham unga qattiq teg¬maslik kerakligi Azizning qulog‘iga ota-onasi tomoni¬dan qayta-qayta quyilgan edi. Akbar uch yoshida to‘p o‘qiga nishon qilib qo‘yilgandan beri qattiq jahli chiq¬sa o‘zini bilmay qolar, rangi oqarib to‘polon ko‘tarar edi. Shuning uchun Aziz unga shapati urolmadi.
— Yo‘q, men Abulqosim bo‘lmagaymen! — dedi.— adham, sen bo‘l. Qilichni menga ber! Men — Sherxon.
Ikki ko‘kaldosh o‘rin almashtirishgandan so‘ng o‘yin boshidan boshlandi. Shapati uriladigan joyiga yetganda Adham Abulqosim bo‘lib:
— Men — Bayramxon, sen jim tur! — dedi-yu, Akbarning yuziga tarsaki tushirdi. Umrida bunday tarsaki yemagan bolaning ko‘zlarida og‘riqdan yosh halqalandi. Adham uning qulog‘iga shivirladi:
— Men siz uchun jon bermoqchimen, xayr, do‘stim!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:57:49
So‘ng u Sherxon — Azizning oldiga borib, uning yog‘och qilichiga bo‘ynini tutdi. O‘yin yana bir takrorlanganida endi Adham Bayramxon bo‘ldi, Akbar esa Abulqosim qiyofasiga kirib, undan shapatining qasdini oldi. Bayramxon bo‘lish qiyin edi. Adham shapati og‘rig‘iga chidamay urishib ketdi.
Shunda ichkaridan Hamida bonu chiqdi-yu ularni yarashtirib qo‘ydi.
— Endi o‘yin bas, Akbarjon yuring, men sizga dutor chalib beray.
Hamida bonu ilgaridan dutorni yaxshi chalar, so‘nggi yillarda ko‘nglining chigalini tanbur va sato chalib yozadigan bo‘lgan edi. Akbarga dutorning tovushidan ham ko‘ra satoning nafis va cho‘ziq ohanglari ko‘proq yoqardi. Shuning uchun ko‘shkka kirganda:
— Hazrat ayajon, dutor emas, sato chalib bering,— deb iltimos qildi. Ona-bola uch yildan beri birga yurib,  avvalgi ayriliqlar dardini unutgan, bir-birining diydoriga qongan shu kunlarda Hamida bonuning qalbi boshqa bir mung bilan ma’yuslanib yurardi. So‘nggi paytda u humoyun bilan kam ko‘rishar, doim uning diydoriga zor bo‘lib yurardi. Mana shu sog‘inch mungi segohning ma’yus ohanglariga yo‘g‘rilib, satoni go‘yo yig‘lata boshladi. Onasining qalbida to‘planib qolgan mungni satodan eshitgan sari Akbarning, negadir o‘pkasi to‘lib, yig‘lagisi keldi. Ayajoniga ne bo‘lgan? Buncha mung uning diliga qa¬yoqdan yig‘ilgan? Bola bilmaydi. Ammo yangroq sato buni go‘yo bilganday Hamida¬ning dard-u alamlarini go‘zal va ma’yus ohanglarga solib kuylaydi.
Hamidani o‘rtab yurgan g‘am — bevaqt o‘lgan ikki farzandining dog‘igina emas. Suyuklisi Humoyun, podshohlik an’analariga berilib, uning ustiga yana bir xotin olgani Hamidani do‘zax azobiga soldi.
Hamida ikki yil burun bo‘lgan bu hodisani hech unutolmaydi. O‘shanda  Badaxshon yurishi va Kobul qamali cho‘zilib ketib, Humoyun Hamida bonu bilan bir yilcha ko‘risholmadi. Bu orada beklar humoyunni katta bir viloyatning hokimi bilan yarashtirish uchun, shu hokimning Norchuchuk ismli qizini unga olib bermoqchi bo‘lishdi. Odatga binoan, Humoyun bu qizni nikohiga olishdan oldin katta xotinlaridan rozilik olmog‘i kerak edi. Xo‘ja Muazzam Badax¬shondan Kobulga kelib, jiyanidan rozilik so‘raganda Hamida o‘rtanib yig‘ladi:
— Tog‘am bo‘laturib siz ham mening yuragimga tig‘ urgaymisiz?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:57:57
— Iloj qancha, jiyanjonim! Humoyun hazratlari yigit yoshidalar, hali ellikka kirganlari yo‘q. Bir yildan ortiq haramsiz yurmoq podsholar uchun mumkin bo‘lmagan hol. Zino yo‘liga kirmaslik uchun halol-u pokiza bir nikohga zarurat...
— Biz bir umr halol-u pokiza yuribmiz-ku, mulla tog‘a? Nechun u kishi bir yilda zino yo‘liga kirgaylar?
— Siz-u biz podsho emasmiz, begim, nechunligini bilolmasmiz. Shariat o‘zi to‘rt xotinga yo‘l berib qo‘ygan bo‘lsa ne iloj? Podshoni kuyov qilishga havasmandlar ko‘p. Ota-bobolardan qolgan udum... Balki hali Akbaringiz ham shundoq qilgay. Tojdor¬larning azaliy odati shu bo‘lsa biz ne qilaylik, jiyanjon! Mening ham sizga dilim kuyib, ezilib yuribmen!
— Menga qayishsangiz, borib ayting! Hali endi yigirma birga kirdim. Nahotki shu yoshda qari kampirga aylansam-u ustimga xotin olsalar? Men rizo emasmen!
— Men... bunday gapni borib aytolmagaymen... Nazardan qolsam, keyin boshqa beklar meni tepkilab tashlagay. Chunki bizga dushmanlik maqomida bo‘lgan katta bir viloyatning hokimi endi sulh yo‘liga o‘tib, hazratimga qizini bermoqchi. Agar bu nikoh buzilsa, sulh ham yana urushga aylangay, qancha begunoh qonlar to‘kilgay. Nahotki siz tog‘oyingizning zabun bo‘lishini istaysiz? Yana urush bo‘lishini, behuda qonlar to‘kilishini istasangiz, mayli, rozi bo‘lmang!
Hamida bonu Sind viloyatida Humoyunga qirq kungacha ro‘yxushlik bermay yurgan paytlarini esla¬di-yu:
— O‘zimdan ham o‘tgan! — dedi. — O‘shanda ko‘nmasligim kerak edi. Ilkimni cho‘zsam, etagiga ham yetmasligini o‘shanda sezgan edim!
— Ammo hali hazratimning sizga mehrlari cheksiz...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:58:10
— Mehrdan gapirmang! — deb Hamida tog‘a¬sini jerkib tashladi. — Hammalaringiz birsiz! Bo¬ring ayting, uylanaversinlar! Ammo ikkinchi me¬ning yonimga kelmasinlar! Bas!
Humoyun o‘n yetti yoshli Badaxshon go‘zali Norchuchuk begimga uylanib, Kobulga qaytguncha Komron Sinddan o‘g‘rincha kelib shaharni oldi. Qamal dahshatlarida ikki yoshli qizalog‘i Jahon Sultondan ajralgan Hamida bonu keyin Humoyun xotinini ozod qilganda ham boshqalar qatori quvona olmadi. Chunki Humoyunning yonida yangi xotini Norchuchuk begim ham Kobulga kirib keldi, uni daryo bo‘yidagi Bog‘i Binafshaga joylashtirdilar. Bir yil o‘tmay Norchuchuk begim Humoyunga o‘g‘il tug‘ib berdi, otini Muhammad Hakim qo‘yishdi. Shuni eshitgan kuni Hamida bonu Akbarni bag‘riga bosib ko‘ziga yosh oldi:
— Bolajonim, xudo senga ham o‘gay ini berdi!
Akbar onasining bundan nega iztirob chekayotganini tushunmadi:
— Ini... yomonmi, ayajon? Men uni o‘ynatamen-ku.
— Sen o‘ynatadigan ining Qandahor yo‘lida o‘lmaganda hozir to‘rt yashar bo‘lur edi! Amaking Komron esingda bormi? Seni arkda to‘pning o‘qiga ro‘baro‘ qilgani yodingdami? O‘gaylik ana shunday bo‘lur, bolam!
O‘shanda Komron mirzo uni qanday shafqatsiz o‘limning tig‘iga to‘g‘rilab qo‘yganini bola hali ham onasi tushunganchalik fahmlagan emas, lekin baribir o‘sha damlar esiga tushsa, yaqindan ko‘rgan to‘plari¬ning dahshat solib otilishi ko‘z oldiga keladi-yu, uni beixtiyor seskantirib yuboradi. Shu xotira ta’sirida bola Komron amakisini g‘ayrishuuriy bir tuyg‘u bilan yomon ko‘radi, uni uchratsa yotsirab, o‘zini olib qochadi...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:58:18
...Satodan chiqayotgan mungli kuylar pastda shovullayotgan Kobul daryosining ovozini bosib ketguday bo‘lar va bog‘ yo‘lkalariga, gullagan behi va olmalar orasiga sekin taralar edi. Hamida bonu Humoyunni hali ham yaxshi ko‘rar, uni sog‘inib yashar, mana shu sog‘inch hozir ma’yus va yorug‘ kuyga aylanib satoni yangratardi.
Humoyun hukumat ishlari bilan band bo‘lganda o‘z davlatxonasiga yaqin bo‘lgan Bog‘i Dilkushoda tunab qoladi. Hamida bonu esa uni «yana Bog‘i Binafshaga, Norchuchuk begimning xobgohiga ketgan» deb iztirob chekadi. Kobulning Bog‘i Yo‘n¬g‘ichqasida Humoyunning katta xotini Beka begim o‘z yaqinlari bilan turadi. Hajdan qaytgandan beri Hoji begim nomini olgan bu taqvodor ayol Humoyunning nazaridan qolgan, Hamidaning unga rashki kelmaydi. Ammo Humoyun endi o‘n sakkizga kirgan Norchu¬chuk begimning oldida tunagan kunlari Hamida bonu O‘rta bog‘da tikanga ag‘anaganday qiynalib chiqadi.
Shu ichki azob ta’sirida u goho Humoyundan araz¬laydi. Odatda, Humoyun O‘rta boqqa kelib tunaydigan bo‘lsa kunduz odam yuborib xabar qiladi. Bog‘da shunga yarasha tayyorgarlik ko‘riladi.
Bugun peshinda xuddi shunday xabar keldi. Hamida bonu Humoyunning diydoriga zor bo‘lsa ham, biroq uning o‘n kundan beri kelmaganiga, bu orada balki Norchuchuk begim xobgohida tunaganiga achchiq qilib, rad javobi berdi:
— Hazratim meni ma’zur tutsinlar. Tobim yo‘q. Xizmatlarida bo‘lolmagaymen. Binafsha bog‘iga bora¬qolsinlar.
Haram bekasi ul-bul deb, uni achchig‘idan tushirmoqchi bo‘ldi, lekin bir so‘zli Hamida aytgan gapida turib oldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:58:30
Hozir u Akbarga satoda chalib berayotgan mungli kuyda mana shu arazning dardi ham goh nola, goh girya shakliga kirib yangramoqda edi.
Kutilmaganda O‘rta boqqa kirib kelgan Humoyun xizmatkorlarni sarosimaga solib qo‘ydi. Ular ikkinchi oshiyonda sato chalayotgan Hamida bonuni chaqirib tushmoqchi bo‘ldilar. Lekin Humoyun ruxsat ber¬madi:
— Bezovta qilmanglar, o‘zim chiqgaymen, — dedi va kuy ovozi kelayotgan tillakori boloxonoga sekin ko‘tarildi. Eshik ochiq qolgan edi. Humoyun qadamini sekin bosib bo‘sag‘aga kelganda ichkarida banoras ko‘rpacha ustida yuzma-yuz o‘ltirgan ona-bola unga yon tomondan ko‘rindi. Ular kuyga mahliyo bo‘lib, eshik oldida to‘xtagan Humoyunning sharpasini payqamadilar.
Hamidaning boshida havorang durra, ikki o‘rim uzun sochlarining uchi ko‘rpacha ustiga to‘shalib yotibdi. O‘ng qo‘lidagi kamon munojot kuyiga mo¬nand nafis harakatlar qiladi. Chap qo‘lining barmoq¬lari pardalarni mohirona bosadi. Endi yigirma ikki yoshga kirgan va husn-u jamoli yetilib, tengsiz bir go‘zalga aylangan Hamidaning yuzlarida Humoyun haligacha ko‘rmagan sog‘inch, qo‘msash, o‘ksinish mungi. Qarshisidagi Akbar goh onasining yuziga, goh uning qo‘llariga qaraydi, go‘zal kuy bolani sehrlaydi! Ammo onasining g‘amgin ko‘rinishi bolani ham beixtiyor ma’yuslantiradi.
Hamida shu mungli kuy bilan yuragini bo‘shatganday bo‘ldi. Munojotni chalib tugatgach, Akbarga:
— Endi bas-a? — dedi.
Shu payt Humoyun:
— Ijozat bering, begim, — dedi. — Betobligingizni eshitib ko‘rgani keldim...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:58:43
Ona-bola o‘rinlaridan tez turib, odatdagiday Humoyunga ta’zim qildilar. Besh-olti kundan beri otasini ko‘rmagan Akbar unga qarab talpindi. Humoyun cho‘k tushib, bo‘yini o‘g‘li barobarli past qildi-da, unga quchoq ochdi. Akbar chopib borib, otasining bag‘riga otildi.
Achomlashganlaridan so‘ng Humoyun qaddini rostladi-da, ovoziga rasmiyroq tus berdi:
— Amirzoda, — dedi o‘g‘liga, — mavlono Aso¬mid¬din sizga xat-savod o‘rgatmoqchi bo‘lsa, rasm chizib o‘ltirar emishsiz.
Akbar besh yoshga yetar-yetmas muallimlar unga saboq bera boshlagan, arab alifbosining murakkab qoidalari bolani qiynar, u erkalik qilib, ko‘p darslardan qochib ketar va ko‘kaldoshlari bilan urush-urush o‘ynardi. Kobulning eng taniqli mudarrisi mavlono Asomiddin kamoli jiddiyat bilan unga harf o‘rgatar:
— Mana bu «mim», bu esa «nun», orasiga «yoy» qo‘yib yozsak, «men» bo‘lur, — desa Akbar bu harf¬lardan qush yo boshqa biron jonvorning rasmini yasar, nuqtalarini ko‘zga, zabarlari*ni qoshga aylantirib yubo¬rar edi. Hozir u otasiga rostini aytdi:
— Menga mudarris emas... anu... surat chizadigan... Qazvindan kelgan mulla amak... saboq bersa bas-da.
Humoyun Qazvin Nigorxonasida qilingan ahdga binoan, Behzodning shogirdlari Xo‘ja Abdusamad va Mirsaid Ali ikkovi uchun shoh Tahmaspga katta mablag‘ to‘lab, maxsus odamlar vositasida musavvirlarni Kobulga ko‘chirtirib keltirgan edi... Hozir Mirsaid Ali Humoyun kutubxonasining kitobdori qilib tayinlangan. Xo‘ja Abdusamad esa olti yashar Akbarga musavvirlikdan ilk saboqlar bermoqda edi.
— Amirzodamda tug‘ma bir iste’dod bor, — degan edi kecha Xo‘ja Abdusamad Humoyunga. — Ranglarni yaxshi his qilurlar. Mutanosiblik tuyg‘usi kuchli. Binolar-u daraxtlar rasmini yaxshiroq chizur¬lar. Ehtimolki, musavvirlikdan ham ko‘ra me’morlikka ko‘proq salohiyat namoyon qilurlar. Ammo me’morlik iste’dodini kamolga yetkizish uchun ham xat-savodli bo‘lmoqlari, ko‘p kitoblar mutolaa qilmoqlari zarur.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:58:50
Humoyun, hozir bu gaplarni Akbarning qulog‘iga yaxshilab quydi-da, minba’d xat-savodga zo‘r berish haqida undan so‘z oldi, so‘ng ko‘kaldoshlari oldiga qaytishga ruxsat berdi.
Hamida bonu Humoyunning kelishiga odatda¬gidek tayyorgarlik ko‘rolmaganidan xijolat bo‘lib:
— ma’zur tuting, — dedi. — Kutmagan edik...
Uning tani sog‘ ekanini, faqat araz qilib «betobmen» deganini payqagan Humoyun bir oz tovushi olinib, o‘pkalab gapirdi:
— Diydor ham g‘animat, Hamida. Men qirqdan oshdim, yana shuncha umr ko‘rishim gumon. Ko‘pi ketib ozi qoldi.
— Ne qilay? Men yoshligimda so‘lib bormoqdamen! Tanim sog‘ bo‘lsa-da, ko‘nglim o‘ksik, ruhim pajmurda...
Hamidaning ko‘zlarida yosh g‘iltillaganini ko‘rgan Humoyun uning oldida hamon gunohkor ekanini eslab o‘ng‘aysizlandi:
— Osiy banda ekanmiz, bobolar an’anasi-yu davlat manfaatlariga bo‘ysunib qilgan gunohimni kechiring, Hamida bonu!
— O‘g‘il ko‘ribsiz, muborak bo‘lsin...
Humoyunning Norchuchuk begimdan ko‘rgan o‘g‘li Hamida bonuga quvonch emas, alam keltirganini uning ovozidan sezgan Humoyun:
— Shoyadki, bu o‘g‘il sizga ham farzandlik qil¬sa,— dedi. — Hindol Dildor og‘achadan tug‘ilganda mening xudo rahmati onam uni mana shu bog‘da o‘z farzandidek tarbiya qilgan edi.
— Endi men ham shundoq qilmog‘im kerakmi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:58:57
— Yo‘q, nechun? Siz hali yoshsiz, yana qancha o‘g‘illar ko‘rmog‘ingiz mumkin. Men... sizga... tanadan kor‘a ruh oliyroq ekanini aytmoqchi edim. Bu besh kunlik o‘tkinchi dunyoda eng yuksak sadoqatning makoni ham ruhdir. O‘lsak qurtlarga yem bo‘laturgan tanamiz tirikligida bizni nafs-u tama balolariga giriftor qilur ekan. Mening yoshimda odam jismoniy yaqinlikdan ko‘ra ma’naviy yaqinlikning beqiyos darajada afzal bo‘lishini fahmlar ekan. Men inilar tashvishidan forig‘ bo‘ldim-u ruhimni bir yayratgim keldi. Shunda dilim sizga qarab talpindi... Sind bo‘ylari, Tar sahrosi, Qandahor-u Qazvin — shuncha yo‘llarni birga bosib o‘tdik, Hamida. Siz yonimda bo‘lmasangiz, o‘sha dahshatlarga men bardosh berolmas edim. Bunday betakror davr kishining hayotida faqat bir marta bo‘lg‘ay. Nahotki shunday muhabbatni unutib bo‘lsa? Faqat tanam yoki ko‘nglim emas, butun ruhim, bor ma’naviy olamim bu dunyoda sizdan yaqinroq, sizdan suyukliroq yor topgani yo‘q, Hamida, ishoning!..
Humoyunning bu gaplaridangina emas, ikkovi birga o‘tkazgan unutilmas kunlar xotirasidan ham dili xiyol yorishgan Hamida kulumsirab hazil qildi:
— Balki kelgusida suyukliroq yor yana uchrab qolar, hazratim?
— Suyukliroq deb, yana qayta o‘zingizni uchratsakchi?
— Koshki! — deb kuldi Hamida.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:59:07
Shu bilan arazlar unutildi-yu, Hamida bonu Humoyunni ichki xonaga taklif qildi. Alohida did bilan yasatilgan bu tanobiy uyga avval sharbatchi oltin ko‘zachada gulob keltirdi. Keyin bovurchilar bor san’atlarini ishga solib ikki kishilik quyuq-quyuq ziyofat tayyorlashga kirishdi. Oftobachi ayol g‘usl¬xonaga iliq suv olib o‘tdi. Ko‘p o‘tmay sozandalar ham paydo bo‘ldi, sho‘x, quvnoq kuylar yangray boshladi.
Butun bog‘ to‘yxonaga aylanganday serharakat, quvnoq tus oldi. Bu holat bog‘ yo‘lkalarida ko‘kal¬doshlari bilan chopib yurgan Akbarga ham ta’sir qildi.
— «Yor-yor» o‘ynaymiz! — dedi u.
—Kelin yo‘q-ku.
Charchamanlar orasida besh yoshli Salima Sulton begim ko‘rindi. Uning otasi mirzo Nuriddin jangda halok bo‘lgan, onasi Gulrang begim bultur xasba*dan vafot etgan, shundan so‘ng uni Hamida bonu o‘z tarbiyasiga olgan edi. Salimaning murabbiyasi ichkarida ish bilan band. Akbar ikki ko‘kaldoshi bilan qizcha¬ning oldiga keldi.
— Biz bilan o‘ynaysenmi? — so‘radi Akbar.
O‘g‘il bolalar ilgari uni ko‘pda o‘yinlariga qo‘shishmas edi.Bugun qanday bo‘lib birga o‘ynagani taklif qilganlaridan quvongan Salima old tishlari tushib, kemshik bo‘lib qolgan og‘zini qiya ochib kulumsiradi:
— Mayli. Ne o‘yin?
— Oq ro‘moling bormi? — so‘radi Akbar.
— Bor.
— Boshingga yopib chiq.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 04 Fevral 2010, 11:59:24
Salima o‘zidan yarim yosh katta bo‘lgan Akbar¬ning qarshisida allanechuk yuvosh, itoatkor bo‘lib qolardi. Uning aytganini qilib, ichkaridan oq ro‘mol yopinib chiqdi. Shunda Akbar:
— Kelin-kuyov o‘ynaymiz, — yedi. — salima, sen kelin. Kuyov kim bo‘lsin? Adhammi?
Salima bosh chayqadi. Akbar Azizni ko‘rsatgan edi, qizcha yana bosh chayqadi. Shunda Aziz:
— Akbarmi? — deb so‘radi.
Salima ohunikiday chiroyli ko‘zlarini yerga qara¬tib sukut saqladi. Bu uning rozi bo‘lgani edi.
Aziz behi gulining kichik bir shoxchasini sindirib, Akbarning bejirim sallachasiga jig‘a qilib qadadi. Kelin-kuyov yonma-yon yerga qarab bog‘ yo‘lkasidan kela boshlashdi. Ikki ko‘kaldosh ularning ikki yonida turib yor-yor aytishdi:

Kelin keldi, yor-yor-ey, kelin keldi!
Kuyov keldi, yor-yor-ey, kuyov keldi!

Bolachalar boshqa yor-yorni bilmaganlari uchun nuqul shu ikki gapni takrorlashardi.
Ko‘shkning yuqori qavatida visol zavqidan boshqa hamma narsani unutgan Humoyun va Hamida bonu bolalarning bu o‘yinidan bexabar. Lekin ular bugun yana yangidan kelin-kuyov bo‘layotganday shod-xurram. Dasturxonga ketma-ket ovqat tashiyotgan tovoqchi* tashqarida bolalarning yor-yoriga quloq solib turgan sharbatchini ko‘rdi-yu, unga ma’nodor ko‘z qisib qo‘ydi. Ma’sum ovoz bilan o‘yin qilib aytilayotgan «yo-yor» Akbar va Salimadan ham ko‘ra, ikkinchi qavatdagi haqiqiy kelin-kuyovlarga mos tushayotganini bolalarning o‘zlari payqamasdi, ammo tovoqchi va sharbatchilar buni sezganlari sari zavq qilib kulishardi.

____________
* Turkiy tilda markaz ma’nosida ishlatiladigan «O‘rda» so‘zi ham as¬lida «O‘rta» demakdir.
* Z a b a r — arab harfining ustiga qo‘yiladigan uzunchoq belgi.
* X a s b a — ichterlama.
* T o v o q ch i — podsho saroyidagi kichik lavozim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:36:21
Kulgilar ketidan kelgan musibatli yig‘ilar Qora¬chaxonning Komron mirzoga olib borgan shum xabari bilan boshlandi.
— Humoyun mirzo Balx yaqinida shayboniyzodalar bilan jang qilib yurib halok bo‘ldilar!..
Qorachaxon Humoyunning qonga bo‘yalgan sho¬hona jubbasini inisiga ko‘rsatdi.
Humoyunni Balx yurishiga Aliqulixon va Bahodirxonlar ko‘ndirgan edilar. Qandahorni olishda Hu¬mo¬yunga katta yordam bergan bu o‘zbek sultonlari endi uning yordamida Buxoro va Samarqandga qaytmoqchi edilar. Balx olinsa Movarounnahrga yo‘l ochilgan bo‘lardi.
— Xayriyat, bu muhorabaga biz qatnashmagan ekanmiz, — dedi Komron.
— Endi pushtipanohimiz o‘zingizsiz, — dedi Qorachaxon. — Kobulni tezroq egallamog‘ingiz kerak!
Mirzo Komron shoshilinch ravishda Ko‘lobdan Kobulga jo‘nadi, yo‘lakay Toliqondagi inisi Askariyni yoniga qo‘shib oldi. Humoyun Kobul qal’asiga Qosim barlos degan ishonchli odamini hokim qilib ketgan edi. Qosim barlos qonli jubbani ko‘rgach:
— Balki hazratim faqat yarador bo‘lgandirlar, hali sog‘ayib kelib qolarlar! — dedi. — O‘g‘illari mirzo Akbarni valiahd tayin etganlar. Kobul ixtiyorini bosh¬qa hech kimga bermagaymiz!
Komron mirzoning qahri keldi. Qorachaxon ham Qosim barlosni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Kobulga katta qo‘shin bilan kirgan Komron mirzo Qosim barlosni tuttirib, o‘limga hukm qildi. Qosimbekning xo¬ti¬ni adolat talab qilib arkka kelgan edi, Qorachaxon uni bozorga olib borishni va xaloyiqning ko‘zi oldida benomus qiishni buyurdi. Benomuslikdan o‘limni afzal ko‘rgan go‘zal juvon yo‘lda Kobul daryosining baland ko‘prigidan o‘zini suvga otib halok bo‘ldi. Qorachaxon Qosim barlosning o‘zini xaloyiqning ko‘zi oldida pora-pora qilib qatl ettirdi.
Buning hammasini sakkiz yoshli Akbar ham ko‘rgan, ko‘zlarida dahshat qotib qolganday, arkda bir nuqtaga tikilib jim o‘ltirar edi. Komron mirzo unga otasining qonli jubbasini ko‘rsatdi.
— Hazratimni xudo rahmat qilsin, marosimlarini keyinroq o‘tkazgaymiz, — dedi. — Siz valiahdsiz, davlat ishini men sizning nomingizdan boshqargaymen.
Hamida bonu turgan O‘rta bog‘ning atrofiga yuzdan ortiq qo‘riqchi qo‘yilgan, kirish-chiqish qat’iy nazorat ostida edi. Arkdagi Akbar ham hech yoqqa chiqarilmay xonaki hibsda saqlanar edi.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:37:41
Yana qaytadan shahar hokimi bo‘lib olgan Qorachaxon ko‘ngli tilaganicha aysh qilib bu gal uzoq¬roq davron surmoqchi edi.
lekin oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Qunduz tomondan uchib chiqib, O‘rta Boqqa yetib qo‘ngan aloqachi kabutar Humoyunning maktubini olib keldi. Faqat Humoyun bilan Hamida bonuga o‘rgangan bu kabutar begona odamga tutqich bermas edi. Hamida bonu ayvonga kelib qo‘ngan usti qizg‘ish, ko‘kragi oq bu jonivorni qo‘liga oldi-yu, uning qanoti ostiga naycha qilib berkitilgan kichkina maktubni topdi.
Humoyun sog‘inchli salomlar aytgandan so‘ng, Balx etagida shayboniyzodalar bilan bo‘lgan jangda boshidan yarador bo‘lganini, hozir ancha sog‘ayib qolganini va tezda yetib kelajagini aytgan edi. «Komron mirzo bizga ko‘makka kelmoqchi edi, bu¬ning o‘rniga Kobulga borganmish, ahvol nechuk? Ushbu kabutar bilan tezda javob qaytaring», degandi.
Hamida bonu «o‘ldiga» chiqqan Humoyunning tirik ekanidan suyunib yig‘ladi, maktubni o‘pdi. Kabutarning qanotlarini ko‘ziga surib, don-u suvi-ga qaradi. Kechasi o‘ltirib Humoyunga javob maktubi yozdi-da, ahvol nechog‘liq og‘irligini bayon qildi, «Sizdan o‘tinamen, bir ilojini topingki, biz yana qamalda qolmaylik, — dedi. — Shahar darvozalari kunduzlari ochiq. Nazarimda, Komron mirzo siz¬ning halok bo‘lganingizga ishongan. Shuning uchun bildirmay kelsangiz, darvozani bekitishga ulgurmagay».
Kabutar bu maktubni Qunduzga olib ketdi. Oradan o‘n besh kunlar o‘tgach, Humoyun yashi¬riqcha yuborgan odamlar bozorga kelgan dehqonlar kiyimida qal’a ichiga kirib olib, eng avval darvozani egalladilar. Qorachaxon bilan Komron mirzoga xabar yetib borguncha Humoyunning pistirmada turgan to‘rt ming askari shaharga bostirib kirdi. Sarosimada qolgan Komron va Askariy o‘z odamlari bilan boshqa darvozadan chiqib qochdilar. Humoyun inilarining ketidan odam yuborib: «Agar mening o‘limim haqidagi yolg‘on ovozaga ishonib Kobulga kelgan bo‘lsalaring qaytinglar, yarashaylik», degan taklifni aytdi. Ammo Qosim barlos va uning xotini uchun javob berish oson emas edi. Kobulda Komron va Qorachaxonning xundor dushmanlari hozir har qachongidan ham ko‘p. Shuning uchun Komron Mirzo qaytmadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:38:01
— Bir marta tavba-tazarru qilib ko‘rdik, endi bas!— dedi.
Qorachaxon Humoyun elchisiga yanada qat’iyroq javob qildi:
— Qaytib borib yer o‘pguncha, boshimiz darvozaxonaga osilgani afzal!
Humoyun yuborgan elchi Kobulga qaytib bu gaplarni aytib berganda Hindol ham akasining yonida turgan edi. Birdan g‘azabi jo‘shib:
— Hazratim, qorachaxonni bu niyatiga yetkazmoq kerak! — dedi. — Menga ijozat bering, o‘zim shu ablah bilan bir olishib ko‘ray!
— Qorachaxon yolg‘iz emas, biz ham ko‘pchilik bo‘lib bormog‘imiz lozim! — dedi Humoyun.
Og‘a-inilar Tangiho degan joyda to‘qnashdilar. Hindol mirzo zirhli kiyim kiyib, qilich yalang‘ochlab jangga kirdi. Qorachaxon bilan yuzma-yuz turib, uning bo‘ynini mo‘l qilich sermayotganda ortdan Komronning bir navkari pusib keldi. Dubul¬g‘aning orqa zirhidan gardanga qaratib urilgan tig‘ Hindolni behush qildi. Uning qilichi qo‘lidan tushdi, o‘zi otdan yiqilayotganda Shamsiddin Muhammad yetib kelib, o‘ngarib oldi-da, jang maydonidan olib chiqdi.
Bo‘yinning o‘q tomiri kesilgani uchun Hindol hushiga kelmay, jon berdi. Buni eshitgan Humoyun to‘pchi va to‘fangchilarning sarkardasi Sambxal-xonni chaqirib buyruq berdi:
— Hindolning qotillariga shafqat yo‘q, ayamay oting! Oting!!!
Komronning odamlari o‘q yomg‘iri ostida qoldilar. Bu o‘qlardan biri Qorachaxonni otdan yiqitdi. Komron qolgan-qutgan odamlari bilan jang maydonidan chiqib qochdi. Turdibekning odamlari Qora¬chaxonning boshini kesib Humoyunga ko‘rsatdilar.
— Ablahning boshini o‘zi aytganiday qilib Kobulning darvozaxonasiga osinglar! — deb buyurdi Humoyun.
Zolim bekning boshi besh kungacha darvozaxonada o‘tgan-ketganga tomosha bo‘lib osilib turdi. Lekin o‘z inisining o‘limiga sabab bo‘lgan Komron hali ham qochib yurar edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:38:20
Shoirlar Hindol mirzoning o‘limini bir vaqtlar Hirotda bobosining farmoni bilan halok etilgan Mo‘min mirzoning o‘limiga qiyos qilib marsiyalar yozdilar. Keksa Dildor begim o‘ttiz ikki yoshli yolg‘iz o‘g‘li Hindol mirzoning jasadini quchoqlab faryod chekkanda, Kobul atrofidagi qorli tog‘lar ham titrab ketgandek bo‘ldi. Gulbadan begim onasining yonida turib nola qildi:
— Og‘ajon, siz o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasmidi?! O‘g‘lim Saodatyorni sizga qurbon qilsam tirik qolarmidingiz, og‘ajonim?! Siz o‘lguncha ko‘rnamak Komronning o‘zi o‘lsa bo‘lmasmidi?!
Beklar ham Komronning boshi kesilishini talab qila boshladilar. Lekin Kompron Sind daryosidan o‘tib, Hindistonga, Sherxonning o‘g‘li Islomshohning huzuriga qochib ketgan, faqat Askariy Tangihoda qo‘lga tushgan edi. Humoyun Askariy bilan yuz ko‘rishgisi kelmadi:
— Qandahorda bir marta kechirgan edim, endi daf bo‘lsin, Askariyni hajga jo‘natinglar! — deb buyurdi. Komron haqida esa Hindistondan malo-matli xabarlar kela boshladi. U Islomshohga bag‘ishlab ruboiy yozgan edi. Islomshoh unga ming rupiyni sadaqaga o‘xshatib beribdi.
— O‘z tug‘ishganlariga yaxshilik qilmagan, menga yaxshilik qilgaymi? — deb Komronni o‘ldirish haqida maxfiy buyruq beribdi.
Buni payqab qolgan Komron Islomshoh saroyidan ham qochadi-yu, mamlakatning shimoli sharq chek¬kasidagi Bhiraga, bir vaqtlar otasi bilan hamkorlik qilgan Sulton Adhamning viloyatiga boradi.
Sulton Adham esa Humoyunga yon bosib, maxsus odamini Kobulga yubordi. «Iningiz hozir mening asirim, istagan paytingizda tutib bergaymen, agar kelsangiz Bhira sizga peshkash, biz Islomshohni emas, Sizni haqiqiy podshoh deb tan olurmiz», deb maktub yozdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:38:35
Katta bir viloyat hokimining bu maktubi Hindis¬tonga qaytish orzusida yurgan Humoyunga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuldi. Komron shu tentirashida oilalarining sha’niga isnod keltiradigan yana ko‘p ishlar qilishi mumkin, buning oldini olish ham katta akaning burchi edi. Beklar Komronning boshi kesilishini Humoyundan talab qilib chiqargan maxsus hukmga Turdibek, Munimxon, Shamsiddin Mu¬ham¬mad va boshqa yana o‘ng ikkita eng nufuzli amirlar imzo chekib, o‘z muhrlarini bosishgan edi. Humoyun bir og‘iz «xo‘p» desa, Bhiraga borib, Kompronning boshini kesib kelishga tayyor turgan qasoskorlar ko‘p edi. Lekin u Komronning she’rlarini unutolmas, shoir inisining qoniga zomin bo‘lsa bir umr vijdon azobida qolishini o‘ylar edi. Humoyun yana qat’iyatsizlik qilayotganini ko‘rgan Turdibek amirlar no-midan unga keskin gap aytdi:
— Hazratim, Komron mirzoni bir emas, besh-o‘n marta kechirdingiz. Bundan faqat siz emas, bek-u navkarlar ham behisob zarar ko‘rdilar, davlat manfaatlari qurbon bo‘ldi! Agar tirik qo‘yib bersangiz, Komron mirzo biron kun o‘g‘rincha kelib, yana Kobulni olg‘ay, yana ko‘pimizning boshimizga rahmatli Qosim barlosning kunini solgay. Shuning uchun yo bizni deysiz-u Komronning bahridan o‘tgaysiz. Yo birodarlikni deysiz-u, bizga javob ber-gaysiz! Boshqa yo‘l qolmadi!
Bayramxon Qandahorda qolgandan beri Turdibek yana Humoyunning eng sohibi ixtiyor amir al-uma¬rosiga aylangan, uning so‘zini rad etish oson emas edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:38:59
* * *

Humoyun besh ming qo‘shin bilan Haybar dovonidan oshib, Hind daryosidan o‘tdi-da, Bhira viloyatida bir vaqtlar Bobur barpo etgan Bog‘i safoga kelib tushdi. Unga peshvoz chiqqan Sulton Adham viloyat hokimiga podsholar tomonidan in’om etiladigan maxsus bayroq va naqora sovg‘a oldi. Shu bilan Hindistonning shimoli sharqidagi Bhira viloyati yana Humoyun qalamraviga o‘tdi.
Bu viloyatda sakkizta yigiti bilan yashirinib yurgan Komron go‘yo olov halqasi ichida qoldi. Humoyun bilan kelgan besh ming qo‘shinning ichida uning xundor dushmanlari juda ko‘p. Sulton Adham Komronni ularga tutib berishi hech gap emas. Hu¬moyun inisiga odam yuborib:
— O‘zi yaxshilikcha kelmasa, qasoskor bek-u navkarlar ming azoblar bilan o‘ldirgaylar, — dedi. — Agar hazrat otamning ruhidan himoya istab kelsa, balki tirik qolg‘ay.
Komron uchun ham hozir otasining ruhi-yu akasining dargohidan boshqa madad beradigan joy qolmagan edi. U kechki payt Bog‘i Safoga sakkizta qurolli yigit bilan kirib keldi.
Humoyunning xirgohiga kirgan zahoti xos navkarlar Komronning belidagi qilichi va xanjarini yechib oldilar. narigi chodirga boshlab ketilgan yigitlari ham darhol qurolsizlantirilganini Komron shundan sezdi. Humoyunning chodirida qosim barlosning jiyani Xanjarbek turgan ekan. Uning qasoskor ko‘zlari Komronga tig‘day qadaldi. O‘lim xavfidan seskangan Komron:
— Hazratim, bu ne hol?! — deb Humoyundan so‘radi. — Va’dangiz boshqa edi-ku. Meni ne qil¬moq¬chisiz?!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:39:16
— Siz qachon ma’naviyizda turgan edingiz, inim Komron?! Yigirma yildan berli menga necha marta xiyonat qilganingizni bir eslang! «Davlat ishida qattiq turilmasa, murod hosil bo‘lmagay!» deb hazrat otam to‘g‘ri aytar ekanlar! Men mudom yumshoqlik qil-dim, o‘zimdan o‘tdi! Sherxon bilan olishganimda yordam o‘rniga nuqul to‘g‘onoq berdingiz, buni ke¬chirdim! Kobulda Akbarni to‘p o‘qiga nishon qilib qo‘ydingiz, buni kechirdim! Ikki yashar qizalog‘imiz Jahon Sulton begimning o‘limiga sabab bo‘ldingiz, buni kechirdim! Mana, oxiri Hindolni o‘ldirib birodarkushga aylandingiz!
— Meni beklar yo‘ldan urdi, rost, gunohim bor! Hindolni Qorachaxon o‘ldirgan, men emas!
Humoyunning g‘azabi kelib, Komronni sensirab gapirdi:
— Yolg‘on! Bopusxon bilan Qorachaxonlar o‘lib ketdi, ammo seni ularga do‘st qilgan o‘gayliging, baxilliging, hasadchiliging hamon ichingda tirik turib¬dir! Bu illatlar senga otamizdan o‘tgan emas! Otamiz tanti odam edilar. Senga ona suti bilan kirgan o‘gaylik atrofingni o‘ragan iblislarga qo‘l keldi. Sen mudom meni ko‘rolmay yashading, men yaxshi kun ko‘rsam, bundan sening ko‘zlaring kuydi! Ko‘zlaringga chiqqan bu kuydirgini olov bilan yondir¬moqdan o‘zga chora qolmadi!.. Xanjarbek!
— Labbay, hazratim!
— Buning ko‘ziga mil tortinglar!
— Yo‘q, yo‘q, undan ko‘ra o‘ldiring meni! — deb Komron qochmoqchi bo‘ldi.
Hanjarbek boshliq to‘rt yigit uni ikki qo‘lidan tutib, narigi chodirga kuch bilan olib kirib ketdilar.
Humoyun ertalab azonda ko‘ch yig‘ishtirishni buyurdi. Bir kunda podsho va uning barcha odamlari chodirlarini yig‘ib, Kobulga qaytib ketdi.
Faqat Komron, Xanjarbek va uning odamlari, yana o‘ntacha soqchi yigitlar turadigan chodirlargina qoldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:45:07
Tushga yaqin olov yoqildi, soat miliga o‘xshash uzunchoq po‘lat millari cho‘g‘day qizarguncha qiz¬dirildi. Taqdirga tan bergan Komron ko‘rpacha ustiga o‘zi chalqancha yotdi. Xanjarbek boshliq olti kishining ikkitasi uning qo‘llarini va boshini qimirlatmay ushlab turdi, yana ikkitasi oyoqlari va belidan bosdi. G‘ulom Ali farroshboshi Komronning ko‘zlarini yirib qora¬chig‘ini ochib turdi. Uning yirilgan ko‘ziga ko‘ringan oxirgi narsalar — Xanjarbekning qasoskor yuzi va qizarib yonib turgan milni qora¬chiqqa tomon olib kelayotgan olti barmoqli qo‘li bo‘ldi. Xanjar¬bekning bosh barmog‘i ikkita. Bu qo‘shaloq barmoqlar dah¬shatli bir maxluqning qichqichlariga o‘xshar va hozir Komronning ko‘zlarini o‘yib oladiganday tahdid solib kelar edi. Olovli mil qorachiqqa jazillab surilganda ko‘zni o‘yib olgandagidan ham achchiqroq bir og‘riq uning vujudini parmalab o‘tganday bo‘ldi. boshining orqa tomonidan yashil, qora, sariq, qizil doiralar portlab chiqib, butun borliqni go‘yo ostin-ustun qilib yubordi. Xanjarbek olovli milni uning ko‘zlariga takror-takror, o‘n-o‘n besh martalab bosdi, bir mil sovusa, cho‘g‘latilgan ikkinchi milni ishga soldi. Bu intihosiz azobdan alahsirash darajasiga yetgan Komron bo‘kirib yubordi:
— O-o-o! Bas, noinsof! Bas!
— O‘zing noinsof bo‘lmasang ining Hindolni o‘ldirtirarmiding? — dedi Xanjarbek. — Sen-ku tirik qolursen! Koshki, tog‘am Qosim barlos birpasga ti¬rilib kelsa, qasos qaytganini ko‘rsa!
Cho‘g‘latilgan mil qorachiqlarga yana besh-olti martadan bosilgach, Komron tubsiz bir zulmat ichiga qulab tushib ketayotganday bo‘ldi. Xanjarbek mil tortish qoidasiga astoydil rioya qilib, kuydirilgan qorachiqlarga tuz bosdi, limu suvidan tomizdi. Buning achishtirishi avvalgi og‘riqlardan ham oshib tushdi. Hamon zulmat jarining tubiga yetolmay qulab tushib borayotgan Komron tuz va limu suvining achishtirishidan yana hushiga kelib chinqirdi...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:45:28
*  *  *

Otalari barpo etgan Bog‘i Safo Komron ixtiyorida qoldirilgan edi. Humoyundan bayroq va naqora in’om olgan Sulton Adham Bhira hokimi qilib tayinlandi va Komronning ahvolidan xabar olib turdi. Shifobaxsh tog‘ havosidai ko‘l bo‘yida Komronning ko‘zidagi jarohat uch oyga borib tuzaldi, ammo yorug‘ dunyoning turfa ranglaridan mahrum bo‘lib kecha-yu kunduz hop-qorong‘i zulmat ichida yashash uning ruhini tushirib yubordi. Ilgari u yurtdan bu yurtga qo‘shin tortib, ot chopib yurgan qirq yoshli yigit endi yuz qadam joydagi hojatga yetakchisiz borolmaydigan bo‘lib qoldi. Ovqat yeganda hatto qoshig‘ini qo‘liga tutqazib qo‘yishmasa o‘zi topib ololmaydi. Qalam tutish, yozish, o‘qish, tabiat manzaralarini tomosha qilish, suyukli xotini Chuchuk begimning husn-u jamolidan zavqlanish — hammasidan birato‘la judo bo‘lgani qalbini cheksiz alam,  o‘ch, adovat tuyg‘ulariga to‘ldirdi.
Nuridiyda, ko‘z — insonga berilgan qanchalik ulug‘ ne’mat ekanini, shu ne’matni kuydirib, sog‘ odamni ko‘r qilish qanday vahshiyat ekanini u endi bildi, «menga shafqatsiz jazo berganlarini umrbod kechirmagaymen», deb ahd ham qildi.
Lekin oylar o‘tishi bilan xotira uyg‘ondi, bo‘lib o‘tgan voqealar takror-takror xayolidan o‘ta boshladi.
Makkai Madinaga ketgan mirzo Askariyning haj yo‘lida vafot etgani haqida musibatli xabar keldi. Komron unga kuyundi. Inisi Hindol mirzoni eslab yuragi battar ezildi. To‘rt og‘ayni bundan uch yilgina oldin Kobul ko‘chalarini to‘ldirib birga o‘tganlari, otalarining qabri poyida yonma-yon turib, endi inoq¬bo‘lishga ahd qilganlari xayolida gavdalandi. Shu ahdni birinchi bo‘lib o‘zi buzgani va qanchalik yomon shafqatsizliklar qilgani go‘yo xotirasiga qaytib keldi. Ilgari oddiy ko‘z bilan g‘alat ko‘ringan ko‘p narsalarni endi qalb ko‘zi unga haqqoniy qilib ko‘rsata boshlaganday bo‘ldi.
Chuchuk begim erining dil yaralarini tuzatishda uning shoirligi yordam bermasmikin, deb o‘yladi. Begim Komronning turli daftarlarda sochilib yotgan she’rlarini to‘pladi va bilimli bir munshi yordamida devon tartib berishga kirishdi.
Kunlarni qanday o‘tkazishni bilmay diqqinafas bo‘lib yurgan Komronning o‘zi ham devon tuzish fikri bilan ovunib, barcha she’rlarini munshiga bir-bir o‘qitib ko‘rdi. ba’zilariga qanday tahrirlar kiritishni aytdi. Devonning odatiy qismlari uchun hali ancha she’rlar yetishmasligi aniqlandi. Komron o‘sha she’rlarni bir satr, ikki satrdan xayolida yarata boshladi. Munshini chaqirib, xayolda to‘qilgan satrlarni aytib yozdirdi-yu, o‘qitib ko‘rdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:45:58
Navbahor o‘lsa bahorimni mening yod aylang,
Sarvqad lola-yu zorimni mening yod aylang.

— Bo‘laturg‘anga o‘xshaydir, — deb yengil so‘lish oldi. Ko‘ziga mil tortganlarida borliq dunyo xayolida qonli kafan tusini olgani yodidan hech chiqmas edi. Shuni ham g‘azal satrlariga joylagisi keldida, yana bir kun xayolida she’r bitgach, munshini chaqirdi: — Yozing!

Lolaning jismida qonlig‘ kafanin ko‘rganda,
Kafan-u jismi figorimni* mening yod aylang.

she’r yaxshi chiqayotganidan uning ko‘ngli ko‘tarildi. Chuchuk begimga atab bitilgan g‘azalga yangidan ikki satr qo‘shdi:

O‘lmayin vahki o‘luvdan battar ahvolim bor,
Tutib ilkimni vasl sori rohbar bo‘l.

Bu satrlarni erining og‘zidan eshitgan Chuchuk begim:
— Bajonidil ilkingizdan tutay, — dedi. — Qani, qayonga bormoqchisiz, mirzam?
— Gunohlarim ko‘p, Chuchuk. Qanchalik yomon xatolar qilganimni endi fahmlamoqdamen. Makkai Madinaga borib, bu gunohlardan poklanmaguncha ko‘nglim tinchimagay.
— Ka’ba juda uzoq. Kobulga borib, hazrat otangizning qabrlarini ziyorat qilsak-chi?
Komron o‘ylanib turdi-da:
— Mayli, avval Kobulga boraylik, — dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:46:11
U egarda yurganda otini xizmatkori yetaklab borardi. Komron Chuchuk begim bilan Kobulga kelib, Bog‘i Navro‘ziyga tushdi. Ertasi kuni katta o‘g‘li Ibrohim mirzo bilan otlanib, otalarining qabri turgan tepalikka chiqib bordi. Buni eshitgan Hu¬moyun Akbar bilan tepalikning ikkinchi tomonidan ko‘tarilib keldi.
Komron otdan tushgach, o‘g‘lining yelkasiga o‘ng qo‘lini qo‘yib, turtinib bora boshladi.
Humoyun bir vaqtlar mag‘rur va salobatli yigit bo‘lgan inisining yetakchiga ergashib, oyog‘i bilan yerni paypaslab, ifodasiz yuz bilan borayotganini ko‘rganda birdan ko‘ngli buzildi. Bo‘g‘ziga tiqilib kelgan tugunni ichiga yutib, sekin uning ketidan maqbaraga kirdi.
Komron otasining qabr toshidagi yozuvlarni qo‘li bilan paypaslab topdi.
— Hazrat otajon, ruhinizdan madad istab kel¬dim!— deb pichirladi. — Hindol bilan Askariy men tufayli juvonmarg bo‘ldi, bunday og‘ir gunohni ne tavr ko‘taray? Endi ruhimni poklash uchun hajga ketishdan boshqa ilojim yo‘q. Qaytib kelolmasam, alvido, otajonim!
Humoyun ko‘z yoshini to‘xtatolmadi, Akbar otasining yig‘laganini endi ko‘rdi. Ibrohim maqbara chetida qimirlamay turibdi. O‘smir yoshiga yetgan bu ikki yigitcha bolalikda naqora talashib olishganlari otalarining ayovsiz kurashlari oldida bir o‘yinchoq ekanini endi bilishar va damlarini ichlariga olib jim turishardi.
Humoyun ko‘z yoshini ichiga yutib, tomoq qirdi. Maqbarada o‘g‘lidan boshqa yana kimdir borligini Komron endi payqadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:46:26
— Kim bor?
Humoyun ko‘z yoshini kafti bilan tez artdi-da, bo‘g‘iq tovushi bilan:
— Men... sizni shu ko‘yga solgan berahm og‘angiz, — dedi.
Komron uni «og‘a» degisi kelmadi.
— Siz men uchun endi faqat shohsiz.
— Ha, shohlik o‘zi — shafqatsizlikdir. Ahli jahon shunday berahm bo‘lsa, biz ne qilaylik?
— Men endi bu jahonni tark etmoqchimen.
— Hali ham men sizni inim deyman, Komron. Askariy haj yo‘lida vafot etgani yetar. Endi siz Kobulda qoling. Mana shu maqbara ham siz-u biz-ning sajdagohimizdir. Hazrat otamning ruhini shod etadigan ash’orlar yaratishga qodirsiz.
Komron bosh chayqadi:
— Men ketmog‘im kerak. Rozi bo‘ling!..
— Nachora? Men sizdan rozimen. Endi... mendan ham rozi bo‘ling, inim.
— Men rozimen. Xayr!
Oradan uch kun o‘tgach, Komron Chuchuk begim bilan uzoq Arabistonga jo‘nadi.

______________
* F i g o r — afgor, ya’ni abgor va majruh ma’nosida.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:46:50

SEKRI, BIANA
QO‘ZG‘OLON

O‘n besh-yigirma yilda bir bo‘ladigan qurg‘oqchilik Dehli va Agra atroflaridagi yozgi ekinlarni qovjiratib qo‘ygan. Saraton kirgan bo‘lsa ham, har yili shu paytda yog‘adigan yomg‘irlar hamon boshlangan emas. Tar sahrosidan esgan olovli garmsellar hammayoqni jizg‘inak qilib kuydiradi. Yerlar suvsizlikdan va issiqdan tars-tars yorilib ketgan. Bozorlarda pulga non topib bo‘lmaydi. Ocharchilik va qahatchilik boshlangan.
Nizomning o‘rmon chetidagi kulbasi Sekri ko‘liga yaqin. Lekin bu yil ko‘lda ham suv oz. Ko‘l sathi pasayib, suv Nizomlar turgan joydan uzoqlashib ketdi. Uning bittagina sigiri, ikki bigh* yeri bor. O‘smir o‘g‘illari sigirga o‘rmondan o‘t o‘rib kelishadi. Lekin yerga pol qilib ekilgan sholi suvsizlikdan boshoq tortmay qurib qoldi. Faqat o‘ntacha xurmo va banan daraxtlarini Nizom xotini va bolalari bilan ko‘ldan chelaklab suv tashib sug‘orib, shularning mevasi bilan jon saqlashmoqda. Ko‘pdan beri non yuzini ko‘rishgan emas. Uyda bir xaltagina guruch qolgan, onda-sonda suyuq osh pishirib yeyishadi. U ham tugasa, ocharchilik balosi ularni ham o‘z iskanjasiga olishi aniq.
Qani endi Nizom orzu qilgan xalqparvar davlat bo‘lsa-yu, shunday og‘ir, tabiiy ofatlar paytida el-yurtning mushkulini oson qilsa! Sherxonning o‘lganiga o‘n yildan oshdi, uning avlodlari hamon mamlakatni parchalab, o‘zaro urushlarda xalqni abgor qilmoqda. Sherxondan keyin podsho bo‘lgan uning o‘g‘li Islomshoh intihosiz talon-torojlari bilan o‘zining afg‘on yurtdosharini ham jonidan to‘ydirdi. Afg‘on¬larning niyozi qabilasidan chiqqan zabardast yigit Abdulla Niyoziy Agraning yaqinidagi Biana shahrida xalq qo‘zg‘oloniga bosh bo‘ldi. Qo‘zg‘olonchilar Islomshohning poraxo‘r amaldorlarini shahardan quvib yubordilar. Abdulla Niyoziyning olti yuzdan ortiq qurollangan yigitlari orasida afg‘onlar, hindlar, boshqa xalq vakillari ham bor. Hindi-yu muslim deb din-u millat ayirish yo‘q. Isyonchilarning biri kosib, biri dehqon, biri o‘tinchi, lekin hammalari adolatga tashna. Qadimgi rivoyatlar bo‘yicha, ular xalq orasidan tug‘ma bir adolatparvar Mahdiy* chiqishiga ishonadilar. Yoshi endi qirqlarga borgan, istarasi issiq, o‘zi dovyurak, nutqi ta’sirli Abdulla Niyoziy ularga ana shu Mahdiyning elchisi bo‘lib ko‘rinadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:47:06
Abdulla Niyoziy Nizomning ko‘p yillik qadrdoni. Sherxon davrida Nizom o‘zining ismini yashirib, Salim degan ikkinchi nom bilan tanilgandan beri ular yaqindan tanish. Nizomning boshiga tushgan ko‘rgiliklar tufayli soch-soqoli erta oqaran. Kasallikdan tuzalgan bo‘lsa ham, uzun oq soqoli borligi va hassaga suyanib yurgani uchun yoshlar uni — «Salim ota» deb atashadi. Abdulla Niyoziy undan Kabir she’rlarini va bhaqti ta’limotini o‘rgangan. Shuning uchun Niyoziy Salim otani Bianaga olib borib, isyon-chilarga «Mening ustozim!» deb tanitdi.
Islomshohday shafqatsiz tojdordan tap tortmay Biana hokimini quvib yuborgan bu jasur odamlar Salim otaga afsonalarda ulug‘lanadigan qahramonlarday ko‘rindi. Halol mehnati bilan kun ko‘radigan xalq qachondir bir vaqt zolim hukmdorlarni  yo‘qo¬tishiga orzumand bo‘lgan Salim ota Bianada shu orzusi ushalayotganidan ruhi ko‘tarilib yurdi.
Qo‘zg‘olonchilar safi kengayib, uch ming kishiga yetganda ular Biana shahri chetidan alohida bir joyni qarorgoh qilib, kattakon jamoa bo‘lib yashay boshladilar. Ko‘pchilik odatdagi mehnatini qilib, topganining bir qismini oilasiga beradi, qolganini jamoaning umumiy dasturxoniga qo‘yadi. Qurolli yi¬gitlar Bianada iloji boricha yaxshi muomala bilan tartib o‘rnatishga intiladi, faqat muomalaga ko‘nmaydigan ashaddiy buzuqilarni hibsga soladi yoki shahardan badarg‘a qiladi. Ular hatto bozordagi narx-navoni ham tergab, nafsi katta savdogarlarni insof bilan narx qo‘yishga majbur qildilar.
bianada yangicha tartib o‘rnatayotgan Abdulla Niyoziy boshliq xalq harakatining ovozasi g‘arbdagi Gujaratgacha, sharqdagi Bixargacha borib yetdi. «Biana mahdiylari xalqni Islomshoh zulmidan qut¬qarmoqchi emish, dunyoda adolat o‘rnatar emish!» degan gaplar el-yurt orasida tobora keng tarqala boshladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:47:22
Sherxon avlodlarining o‘zaro urushlari va shafqatsizliklari ba’zi bir shayxlarning ham joniga tekkan edi. Abdulla Niyoziy va Salim otalar Bianada zolim amaldorlarni yo‘qotib, adolatli ish olib borayotganlari a’loyi degan keksa shayxning isyonchilar tomoniga o‘tishiga sabab bo‘ldi. Shayx a’loyi o‘z ixtiyoridagi vaqf yerlarning daromadini mahdiylar harakatiga in’om qildi. Uning xonaqosi endi isyonchilar adolat haqida targ‘ibot yurgizadigan joyga aylandi.
Shayx a’loyining muridlari orasida Islomshoh quvg‘in qilgan amirlar va boshqa badavlat odamlar ham bor edi. Endi agar Islomshohga qarshi turgan shu kuchlar hammasi xalq harakatining girdobiga tortilsa podsho hokimiyati xavf ostida qolishi aniq. Kobuldagi Humoyunning ishlari o‘nglanib, qo‘shini yil sayin zo‘rayib borayotgani Islomshohning xavo¬tirini oshirib yurgan edi. Shuning ustiga ichkaridan ham o‘t chiqsa — tamom! Islomshoh bu xatarning oldini olish uchun Bianaga o‘z vazirini yuborib, shayx a’loyini saroyga taklif qildi:
— Taqsirimiz kelib, yangi e’tiqodlarini bizga bayon qilsinlar, ma’qul bo‘lsa biz ham mahdiylarga qo‘shilaylik!
Podshoning bu gaplari tagida kinoya borligini sezgan Salim ota a’loyiga shivirladi:
— Bormang, saroyni men bilurmen, vazirning gapidan riyoning hidi kelib turibdir!
Shayx a’loyi Islomshoh yuborgan vazirga qarab:
— Agar onhazrat bizning e’tiqodimizga qiziqsalar, balki o‘zlari Bianaga tashrif buyururlar? — deb so‘radi.
Vazirning yuzi birdan tundlashdi, qovog‘i uyulib:
— Taqsir, onhazrat yolg‘iz tashrif buyurmagaylar,— dedi. — Podsho bu yerga kelsalar, yuz ming qo‘shinlari bilan kelgaylar. Siz ularga bas kelgaymisiz?!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:48:08
Bu tahdidli so‘zlar shayxning kayfini uchirib yubordi. U qon to‘kilishini va yuz ming qo‘shin Bia¬nani oyoqosti qilishini ko‘z oldiga keltirib:
— Balodan hazar! — dedi. — Mayli, men o‘zim saroyga bora qolay.
Oltmish besh yoshli nuroniy mo‘ysafid mahdiylar odati bo‘yicha piyoda yo‘lga tushdi. Kiyimlari oddiy bo‘zdan, oyog‘ida dehqonlar kiyadigan arzon shippak. Lekin o‘zi mag‘rur. Podsho va a’yonlar qarshisida g‘oz turib:
— Assalomu alaykum! — dedi. — Olampanoh, mendan ta’zim-u tavoze kutmang. Biz, mahdiylar, bir osmon ostidagi barcha odamlarni, shoh-u dar¬vish¬ligidan qat’iy nazar, barobar deb bilurmiz. Biz insonni boyligi-yu martabasiga qarab emas, halol mehnati-yu chin odamiyligiga qarab qadrlagaymiz. Eshitishimga qaraganda, sizning mingdan ortiq filingiz, o‘ttiz ming otingiz, yuz ming qo‘yingiz bor ekan. Rostmi?
— Rost bo‘lsa-chi? — istehzo bilan so‘radi Islomshoh.
— Agar rost bo‘lsa, siz o‘zingiz kabi minglab odamlarning haqqiga jabr qilgan bo‘lursiz!
Taxtning o‘ng tomonida o‘ltirgan shayxulislom Abdulla Ansoriy:
— Bu ne gustohlik?! — deb A’loyiga o‘shqirdi. — Podsholar el-ulusdan soliq olishlari, davlat manfaatlari uchun mol yig‘ishlari shar’iydir!
Abdulla Ansoriy ellik yoshlardagi yuzlari tarang, qorasoqol, sergo‘sht odam edi. A’loyi unga yuzlandi:
— Taqsir, shu davlatning fuqarolari bo‘lgan ming-ming dehqonlar, kosiblar tabiiy ofat tufayli ochdan o‘lmoqda! Bunday paytda o‘ttiz ming harbiy ot yeydigan arpalarni el-yurtga ulashilsa savob bo‘lmasmidi? Yuz ming qo‘ydan bir qismini ochlarga ehson qi¬lish shar’iy emasmi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:49:12
Islomshohning xasisligini biladigan bek-u boyonlarning ba’zisi, «podshomiz o‘lsa ham bunday qilmagay!» deb bir-birlari bilan ma’noli ko‘z urishtirib oldilar, Anbdulla Ansoriy esa:
— Astag‘furullo! — deb shayx A’loyining so‘zini kesdi: — a’lo hazrat masjidlarga katta ionalar qilmoqdalar, ming-ming bigh yerlarni vaqfga bermoqdalar! Saxovat bundan ortiq bo‘lgaymi?
— Ammo bu saxovat faqat siz kabi peshvolarning boyligini orttirmoqda, xolos! — deb A’loyi endi shayxulislomning o‘zini fosh qila boshladi: — Taqsir, muqaddas kitoblarda barcha xayr-u ehsonlar muhtoj¬larga berilsin deyilgan, vaqflardan tushadigan daromad ham miskin bechoralarning haqqidir. Lekin hozir barcha xayr-u ehsonlar, barcha ionalar masjid vaqflari orqali sizning ixtiyoringizga o‘tmoqda. Axir bu uchiga chiqqan adolatsizlik emasmi?
— Bas! — deb Islomshoh A’loyining so‘zini kesdi va uni olib chiqib ketishni buyurdi.
O‘sha kun oqshom Abdulla Ansoriy boshliq ulamo¬lar to‘planib, kufr yo‘liga o‘tgan shayx A’loyini toshbo‘ron qilib o‘ldirish haqida fatvo chiqardilar.
Ammo Islomshoh A’loyini o‘ldirtirsa, qo‘zg‘olon yanada avj olib ketishi mumkinligini, bu shayxning va’zlari hatto saroydagi ayrim bek-u a’yonlarga ham ta’sir qilganini bilardi. Shuning uchun:
— Bu mahmadona cholni mening qalamravimdan chiqarib yuboringlar, janubdagi Dakanga ketsin! — deb buyruq berdi.
Maxsus odamlar A’loyini soyabon aravaga solib, janubga olib ketayotganlarida Narbada degan joyda yana uning tarafdorlari topildi. Narbadalik amir Bixarxonning akasini Islomshoh nohaq o‘ldirtirgan. Shundan beri ular xundor dushmanga aylangan. Endi A’loyi Islomshohga qarshi aytgan o‘tkir va’zlar ta’sirida Bixarxon ham mingga yaqin bek-u amiri bilan mahdiylar ta’limotiga xayrixohlik bildirdi va A’loyiga qo‘l berib, murid bo‘ldi.
Bu xabar Islomshohga yetib borgandan keyin «Shayx A’loyini kechirdik, Dakanga surgun qilish haqidagi farmon bekor bo‘ldi, poytaxtga qaytsin!» deb odam yubordi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:49:26
O‘sha yili ocharchilik tufayli o‘lat tarqagan edi. Uzoq yo‘llarda shayx A’loyiga o‘lat yuqqan ekan. Birdan isitmasi ko‘tarilib, bo‘ynida danakday shish paydo bo‘ldi. Agar bu shish badanida ko‘paysa o‘lishi muqarrar edi. Narbadalik mohir hind jarrohi A’loyining bo‘ynidagi shishni kesib olib tashladi. Ixlos¬mandlari unga eng yaxshi dor-u darmonlar topib berdilar. Shayx A’loyi bir haftada tuzalishga yuz tutdi. Hali uncha darmonga kirmasidan Islomshoh yuborgan odamlar uni yana soyabon aravaga solib, o‘sha paytda poytaxt bo‘lgan Laxo‘rga olib keldilar.
A’loyining gaplari odamlarga juda kuchli ta’sir qilishini amalda ko‘rgan Islomshoh:
— Men sizni o‘zimga diniy peshvo qilib olmoq¬chimen! — dedi. — Mahdiylardan endi voz keching! Qulog‘imga bir og‘iz «kechdim» desaniz bas.
— Yo‘q, a’lohazrat, men qariganimda imonimdan voz kecholmagaymen! Undan ko‘ra siz xalqqa jabr-zulm qilishdan voz keching!
Islomshohning birdan g‘azabi kelib, ko‘zlari kosasidan o‘ynoqlab chiqdi:
— Mirg‘azab! Darra keltiring! Uring bu sassiq cholni!
Mirg‘azab A’loyining bo‘z to‘nini yechib, yelkasini yalang‘ochladi. Yaqindagina o‘latdan zo‘rg‘a tuzalgan keksa odamning tanasi ozg‘in, qovurg‘alari bo‘rtib turar edi. Og‘ir darra podshoning ko‘zi oldida zarb bilan to‘rt marta urilgach, A’loyi hushidan ketib yiqildi va jon berdi.
Uning o‘limini xalqdan sir tutishdi. «A’loyi noma’lum tomonga qochib ketibdi!» — degan ovoza tarqatishdi. Islomshoh fursatdan foydalanib, Abdulla Niyoziyni ham bir yoqli qilmoqchi bo‘ldi-yu, Bianaga katta qo‘shin yubordi. Uch ming isyonchi shahar chetidagi ko‘kalamzor bir joyda istiqomat qilar, atrofida devor yoki istehkom ham yo‘q. Podshoning o‘ttiz ming qo‘shini qarorgohni to‘rt tarafdan o‘rab oldi. Abdulla Niyoziy podsho saroyiga yaxshilikcha bormasa, bu qo‘shin qarorgohga bostirib kirishi va Niyoziyni zo‘rlab olib ketishi kerak edi. Agar isyonchilar qurol ishlatsa, qo‘shin ularni qirib tashlashi mumkin edi. Abdulla Niyoziy begunoh odamlarning qoniga zomin bo‘lmaslik uchun podsho qo‘shini bilan saroyga boradigan bo‘ldi. Salim ota va boshqa yaqinlari u bilan quchoqlashib xayrlashdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:49:46
— Ko‘risholmasak rozi bo‘linglar! — deganda Abdulla Niyoziyning ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi.
Podsho askarlariga yo‘lda pistirmadan turib hujum qilishni va Niyoziyni qutqarib olib ketishni istagan botir yigitlar bor edi. Lekin oxir-oqibatda ular ham Islomshohning beadad qo‘shini dastidan halok bo‘lishi muqarrar edi. Behuda qurbonlar berishni yomon ko‘radigan Salim ota tavakkalchi yigitlarni bu qaltis niyatlaridan zo‘rg‘a qaytardi.
Abdulla Niyoziyni Islomshohning taxti oldiga olib keldilar. Taxt ustida zarbof kiyimlarga o‘ranib savlat to‘kib o‘ltirgan Islomshoh qirq yoshdan endi oshgan bo‘lsa ham, yuzi sarg‘ayib shishinqiragan, ko‘zining oqi ham sarg‘ish ko‘rinadigan kasalmand odam edi. U Abdulla Niyoziyning baquvvat gavdasi va sog‘lom yuziga g‘ashi kelib tikildi-da:
— Suyangan tog‘ing shayx A’loyi edi — quladi! — dedi. — Sen biz bilan vatandosh afg‘on ekansen, saroyga olay, mahdiylaring bilan aloqani uz!
— Hazrat podsho! Siz A’loyining faqat tanasini mahv qildingiz. Ammo uning ruhi tirik! Bu ruh xalqdan kuch olib, zolimlarning jazosini bergusidir!
— Jazo?! Sen menga jazo bermoqchimisen?!
— Men emas, hayot jazo bergay! — deb Abdulla Niyoziy Islomshohning ichki kasalliklardan salqigan yuziga va shishgan qovoqlariga ma’noli ko‘z tashladi.— Otangiz Sherxonga qasos qanday qaytganini unutmang! Begunoh o‘ldirilgan mo‘ysafidning uvoli sizni ham urmay qo‘ymagay!
— E, uvoli hozir seni urgay! Mirg‘azab, darra uring bu katta dahan ahmoqqa! O‘lgunicha kaltaklang!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:49:59
Abdulla Niyoziyni hushidan ketguncha kaltaklashib, kechasi o‘rmon chetidagi yo‘l bo‘yiga keltirib tashlashdi. Saroydagilar uni «o‘ldi» deb o‘ylashgan edi. Lekin qirq yoshli baquvvat Niyoziy hali tirik, goh hud, goh behud bo‘lib yotgan edi. Isyonchilar uni shu ahvolda topib olib, Salim otaning oldiga ko‘tarib keldilar. Bunday og‘ir jarohatni qanday tuzatishni o‘z achchiq tajribasi orqali yaxshi biladigan Salim ota hind tabiblari yordamida Abdulla Niyo¬ziyni o‘lim changalidan qutqarib oldi. Ammo kaltak zarbidan badani hilvirab, ichki a’zolari ham lat yegan Abdulla Niyoziy uzoq vaqt to‘shakdan turolmay yotdi.
Bianadagi xalq harakati jasur boshliqlaridan ayrilgach, isyonchilar jamoasi tarqab ketdi. Lekin ikki yil davomida bu jamoa qilgan adolatli ishlar va odam¬larning dilida uyg‘otgan isyonkor tuyg‘ular go‘yo bir tutantiriq bo‘ldi-yu, butun mamlakatda Islomshohga qarshi qaratilgan nafrat olovini yondirdi. Bu nafrat kutilmagan joylardan Islomshoh dargohiga ham yo‘l topib kirar, saroydagi iste’dodli shoirlar va fozil kishilar ko‘zidan podshoga atalgan qarg‘ish yog‘ilib turganday bo‘lardi. Bu hammasi tashqi alg‘ov-dalg‘ovlar azobiga qo‘shilib. Islomshoh uzoq umr ko‘ra olmadi. U qirq beshga bormay vafot etdi.
Shundan keyin Sherxon avlodlarining xonadoni to‘rt tomonidan o‘t ketgan uyning ahvoliga tushdi. Islomshohdan so‘ng taxtga chiqqan uning o‘ng ikki yashar o‘g‘li Feruzni o‘zining tug‘ishgan amakisi Muborizxon zaharlab o‘ldirdi. Bu qotil amaki o‘ziga Odilshoh deb nom qo‘yib Agrada taxtga o‘tirgandan so‘ng, boshqa qarindoshlar birvarakay isyon ko‘tardilar. Sherxonning qiz nevarasiga uylangan Ahmadxon sur Laxo‘rda o‘zini mustaqil podsho e’lon qilib, Iskandarshoh nomi bilan taxtga chiqdi. Chunor qal’asidagi ikkinchi kuyov — Ibrohim sur Agraga hujum qilib, uni Odilshohdan tortib oldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:50:12
Biroq Iskandarshoh ham Agraga da’vogar edi. U Laxo‘r¬dan Agraga qo‘shin tortib keldi. Ikki kuyov poytaxt Agrani talashib, qonli janglar qilayotgan paytda Humoyun o‘ttiz ming askar bilan Kobuldan chiqib Hind daryosidan o‘tdi-yu, bir hafta ichida Laxo‘rni jangsiz egalladi.
Salim ota ko‘pdan beri Humoyunning yo‘liga ko‘z tutib yurar edi. Shuni biladigan Abdulla Niyoziy Panjobdan yaqinda qaytgan shayx Muborak degan kishini Salim otaning kulbasiga boshlab keldi.
Ajdodlari arab bo‘lgan shayx Muborak ham Bianadagi xalq harakatiga ishtirok etgan, keyin quvg‘inga uchrab, Bxira tomonlarga ketib qolgan edi. U Salim otadan suyunchi so‘ragisi kelib:
— Taqsir, Humoyun siz ta’rif qilganingizdek sohibdil odamga o‘xshaydir, — dedi. — Bxiradan to Laxo‘rgacha men uning amalga oshirgan tadbirlarini zimdan kuzatib keldim. Hindistonda ocharchilik boshlanganidan xabardor ekan, ko‘p joylarda ochlar¬ga osh-non ulashishni buyurdi. Lekin bu bilan ish bitmasligi aniq edi. Qandahor-u Peshovar tomonlarda don arzon ekan. Humoyun kemalarda, karvonlarda don tashitib kelib, bozorlarni jonlantirib yubordi. Tujjorlarning o‘zlari foyda ketidan quvib, shimoldan Panjobga tinmay don tashib kelmoqda!
— Koshki Agralarda ham shunday qilinsa! — deb, qilt etib yutindi Abdulla Niyoziy. U bemorlikdan tuzalgandan keyin Sekriga ko‘chib kelgan, tog‘ etagida kichkina bir kulbada nochorgina hayot kechirar edi. Shayx Muborak keltirgan xushxabar Salim otani quvontirib yubordi. U maslakdosh do‘stlari oldiga dasturxon yozib, banan va xurmo qo‘ydirdi.
— Ne qilayki, non yo‘q, — dedi va xotiniga shirguruch pishirishni buyurdi. — Bugun borini yeb turaylik. Ertaga yana nasib qilgani bo‘lgay. Shoyad-ki, bug‘doy ortgan karvonlarni Humoyun biz tomonlarga ham boshlab kelsa!
Tojdorlarni xush ko‘rmaydigan Abdulla Niyoziy:
— Karvonlar tashib kelgan bug‘doy falon pul tursa kerak, — dedi. — Siz-u bizda oltin-kumush yo‘q. Humoyunga umid bog‘lab yana aldanib qolmang. Salim ota.
— Rost, miyon* Abdulla, — dedi Salim ota Humoyunga yaqin yurib boshdan kechirgan falokatlarini eslab ketdi: — Shohlar bilan bizning oramizda chuqur jarlar bor. Men bu jarga bir marta qulab, o‘lishimga sal qoldi.
Shayx Muborak bosh chayqab:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:50:25
— Har qalay, Humoyun Islomshohday zolim emas, — dedi va qo‘ynidan qatlangan bir yozuv chiqardi: — Mana, Humoyunning afvi umumiy e’lon qilib chiqargan farmoni.
Farmon oddiy odamlar ham tushunadigan qilib yozilgan edi. Salim ota uni shayx Muborakning qo‘lidan olib ovoz chiqarib o‘qidi:
«Xaloyiq! Kimki ilgari Sherxon va uning avlodlari ta’sirida bizga qarshi ish qilgan bo‘lsa-yu, endi bu xato yo‘ldan qaytib, biz bilan hamkorlikka yuz tutsa, hammasiga afvi umumiy bergaymiz, barcha gunohlaridan kechgaymiz, har biriga munosib inoyatlar qilgaymiz. Barcha bek-u navkarlarga tayin etildikim, biz o‘z qadrdon elimiz bo‘lmish Hin¬distonga qaytdik, bosqinchilik va talonchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmasin. Bu farmoni oliyga rioya qilmay, hind dehqonlarining sigirini o‘g‘irlab so‘y¬moqchi bo‘lgan Ahmad¬xon ismli navkar o‘n ming kishilik qo‘shin oldida qu¬tur¬gan filning oyog‘i tagiga tashlab o‘ldirildi. Insho¬ollo, bu jazo boshqalar uchun ibrat bo‘lg‘usidir, fuqaroning mol-u jonini omon saqlashga yordam bergusidir. Bizning ezgu niyatimiz — o‘zaro urushlarda, jabr-u zulm ichida abgor bo‘lgan bu muazzam mamlakatni yana qaytadan yakdil-u yaktan, obod-u qudratli qilmoqdir. Ilo¬him, shu ulug‘ maqsadlarga yetaylik!»
Bu gaplar ta’sirida Salim otaning dilida yana iliq tuyg‘ular uyg‘ondi. Humoyun mavlono Xondamir bilan hamkor bo‘lib yangi qonunlar chiqargani, tabiatdagi uyg‘unlik va muvozanatni jamiyatga ham tatbiq etishga intilgan xayolidan bir-bir o‘tdi.
— Humoyun sizga qadrdon bo‘lgan ekan! — dedi shayx Muborak unga. — Endi u Dehliga qaytayotgan paytda, siz unga peshvoz chiqsangiz... Humoyun quvg‘inda yurganda biz uning dushmanlari bo‘lgan Sherxon avlodlari bilan qanday olishganlarimizni so‘zlab bersangiz... Axir Abdulla Niyoziy bosh bo‘lgan xalq harakati Islomshoh hukmronligini ichdan yemirmaganda, Humoyun Panjobni jangsiz ololmagan bo‘lardi!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:50:37
— Ha, uning Hindistonga qaytishiga biz qanday ko‘mak berganimizni Humoyun bilmog‘i kerak, — dedi Salim ota. — Lekin... uning dargohida ko‘rgan dahshatlarim xotirimdan nari ketgan emas... «Saroyga ikkinchi qadam bosmagaymen!» — deb ahd qilganmen.
Islomshoh saroyida yegan kaltaklari Abdulla Niyoziyning ham esiga tushdi-yu:
— Bormaganingiz ma’qul, — dedi.
Ammo shayx Muborak boshqa narsadan xavotir bo‘lmoqda edi. Humoyun afvi umumiy e’lon qilinganidan foydalangan ba’zi makkor odamlar endi al-damchilik yo‘li bilan Islomshoh davridagi yuksak martabalarini saqlab qolishga intilmoqda edilar.
— Islomshoh saroyida shayxulislom bo‘lgan Abdulla Ansoriy yodingizda bormi? — deb so‘radi shayx Muborak Niyoziydan.
— A’loyini o‘ldirishga fatvo bergan ilonmi?
— Ha, o‘sha Ansoriy ham go‘yo keyin Islomshohdan aynigan emish. Shayxulislomlik lavo¬zimidan foydalanib, Islomshohning ichki sirlarini bilar ekan-u xufiyalar orqali Kobuldagi Humoyunga yetkazib turar ekan. Islomshoh o‘lib, ichki nizo avjiga chiqqanda shayx Ansoriy Humoyunga: «Endi kelsangiz Hindiston sizniki bo‘lgay», deb bir juft etik yuboribdir. Bu etikning ramziy ma’nosi ham podshoga xushomaddan iborat ekan, ya’ni: «Ota yurtin-giz Turon — bosh bo‘lsa, siz hozir turgan Kobul, — bel, biz esa sizga oyoq bo‘lib, shu etikdek xizmat qi¬lishga shaymiz!» degani ekan.
— Ob-ba, xushomadning boloxonadorligini qarang! — dedi Niyoziy nafrat bilan.
— Podsholar xushomadni yaxshi ko‘rishini bilursiz, — deb so‘zida davom etdi shayx Muborak. — Panjob jangsiz olinganda Abdulla Ansoriy Laxo‘rdan bir kun yo‘l yurib, Humoyunga peshvoz chiqibdir. Podsho u bilan otdan tushib ko‘rishibdir. «Taqsir, etik yuborib qilgan karomatingiz rost keldi!» deb tashakkur aytibdir. Oradan uch kun o‘tmay Laxo‘r ulamolari Abdulla Ansoriyni Humoyun saroyiga shayxulislom tayin etib fatvo e’lon qildilar. Podsholar o‘zgarsalar ham, shayxulislom yana o‘sha Ansoriy!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:50:51
— Ikki podsho orasida ayg‘oqchilik qilib yurgan odamga shunday martaba berilsa-ya! — g‘ashi kelib dedi Salim ota.
— Podsholarga ayg‘oqchilar, albatta, kerak, bunisi ko‘pdan ma’lum, — so‘zida davom etdi shayx Muborak. — Ammo bu Ansoriy zulm tig‘ini Islom-shohga qanday qayrab berib turganini Humoyun hali bilmasa kerak. Shundan foydalanib, makkor Ansoriy biz kabi tarafdolarini ham Humoyunga yomon ko‘rsatishi, oraga nifoq solishi mumkin. Axir hamon adolat izlab yurgan mahdiylar harakati xalq orasida hali to‘xtagan emas! Salim ota Humoyunga hech bo‘lmasa bir maktub yozib, Bianadagi xalq harakati qanday bo‘lganini, Ansoriy o‘shanda nelar qilganini haqqoniy so‘zlar bilan bayon qilishlari kerak emasmi?
— Agar men bu maktubni yozsam, uni kim Humoyunga yetkazib bergay? Shohning qabuliga kirish oson emas.
— Yozing, men eltib berishga urinib ko‘ray, — dedi shayx Muborak.
Mehmonlar shirguruchni yeb tarqaganlaridan so‘ng, Salim ota yolg‘iz qolib qo‘liga qalam oldi. Shunda Hamida bonu va undan olgan maktubini es-ladi. Humoyunning Akbar degan o‘g‘li kattagina o‘smir bo‘lib qolganini eshitgan edi, shu yodiga tushib, maktubni muborakboddan boshladi. Keyin Humoyun quvg‘inda yurgan yillarda yuz bergan voqealarni qisqacha bayon qildi. Shayx Ansoriy haqidagi gaplarni ham barcha dalillari bilan qog‘ozga tushirgach, maktubni shunday tugatdi:
«Hazratim, ko‘rishmaganimizga o‘ng olti yil bo‘ldi. Bu orada siz ko‘p dovonlardan oshib, avvalgidan yuz chandon tajribaliroq va donoroq bo‘lib qaytmoqdasiz, degan ishonch bilan yo‘lingizga ko‘z tikmoqdamiz. Xalq adolatli rahbarga benihoya tashna. Mahdiylar harakati ham ana shu tashnalikdan kelib chiqqan edi. Agar shu tashnalikni qondirsangiz, el-ulus sizni barcha balolardan asraydigan balogardon bo‘lg‘usidir!»
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:52:11
Ertasi kuni yo‘l tayyorligini ko‘rib kelgan shayx Muborak bu maktubni to‘nining astariga tikib, Panjobga yo‘l oldi. Ammo u Laxo‘rga yetib borma-sidan, Humoyun Dehliga tomon qo‘shin tortib kela¬yotgani ma’lum bo‘ldi. Sherxon avlodlaridan Iskan¬darshoh Agra yaqinida o‘z raqibi ibrohim surni yenggan, uning bir qism askarlarini o‘ziga qo‘shib olib, lashkarini ellik mingga yetkazgan edi. Endi Iskan¬darshoh bu katta qo‘shin bilan Sirhind yaqinida Humoyunning yo‘lini to‘sib chiqdi.
Shayx Muborak bir-biriga qarab yumalayotgan tog‘day zo‘r toshlarning orasida qolib, yanchilib ketmaslik uchun o‘zini chetga olib, Kalonurga ketdi va janglar tugashini kutdi. Oradan bir oycha vaqt o‘t¬gach, Iskandarshoh Panjobning Maxchivara degan joyida Humoyunning lashkarboshisi Bayram¬xondan yengilib, Himolay tog‘lari tomonga qochgani ma’lum bo‘ldi. Bundan behad suyungan shayx Muborak Humoyunning huzuriga yo‘l oldi.
Ammo Jamna bo‘yab Dehli tomonga ketib bora¬yotgan Humoyunning hozir muqim turadigan joyi yo‘q, qarorgohlarining o‘rni o‘zgarib turadi. Qalandar kiyimida yurgan shayx Muborak, nihoyat, uning o‘rmon chetida ov qilish uchun ikki-uch kun to‘xtaganidan foydalandi-da mavkab joylashgan qarorgohga yaqinlashdi. Qo‘riqchilar boshlig‘iga:
— Hazrat oliylariga xalqning nomidan yozilgan bir maktub topshirmoqchimen, — deb arz qildi.
Davlat boshlig‘iga arz-u dod qilib keluvchilar juda ko‘p bo‘lganligi uchun, ularni avval sinchiklab tekshirishar va o‘ntadan bittasini podshoning huzuriga kirgizishar edi. Shayx Muborakni ham qo‘rchibegi savolga tutib, taftish qilayotgan paytida katta oq sallali Abdulla Ansoniy ikkita ulamo bilan ularning yonidan o‘ta boshladi. Shayx Muborak sallasi kattalarga yuzini ko‘rsatmaslikka tirishib, orqa o‘girib turdi. Lekin qo‘rchibegi ulamolardan birini chaqirib:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:52:34
— Taqsir, beri keling, bu odam ham shayxlardan ekan, — dedi. — Qandaydir mahdiylar nomidan podshoga maktub olib kelganmish. Ko‘rib bering-chi, hazratimning e’tiborlariga arziydigan gapmikin?
Ansoriyning ishorasi bilan yoshroq bir imom qo‘rchibegining oldiga keldi, xayriyatki, Abdulla Ansoriy orqa o‘girib turgan shayx Muborakni ta-nimadi. Yosh imon yaqin kelib shayx Muborakning yuziga tikildi-yu:
— Qani, hazratimning nomlariga yozilgan maktubni bir ko‘raylik-chi! — dedi.
Shayx Muborakning ichi qo‘rquvdan muzlab ketdi. Maktubda Ansoriyga qarshi yozilgan so‘zlarni mana bu imom o‘qisa shayx Muborakni tinch qo‘y¬maydi. Din peshvolarining o‘z qurolli odam¬lari— muhtasiblari bor. Ansoriy «dahriy» deb fatvo bersa bas, muhtasiblar shayx Muborakni hibsga olishga ham, o‘ldirishga ham qodir. Shayx Muborak maktubni olib bermoqchi bo‘lib, qo‘yniga qo‘l soldi. Lekin bo‘sh chiqdi... Qo‘lidagi qalandar xaltasini titkiladi, hatto uni qo‘rchibegiga ochib ko‘rsatdi. Belidagi fo‘tasini yechib, eski to‘nining barlarini silkitdi. Maktub yo‘q! U astar ostiga tikilgan joyida «qilt» etmay turgani shayx Muborakning joniga ora kirdi:
— Maktubni kecha yotgan joyimda unutib qol¬diribmen! Meni ma’zur tuting! Ijozat bo‘lsa, hozir borib olib kelay!
Qo‘rchibegining jahli chiqdi:
— E, bor, jo‘na! Sensiz ham podshoning qabuliga kirmoqchi bo‘lganlar behisob!
Shayx Muborak bir balodan qutulganiga shukur qilib, Humoyunning qarorgohiga ikkinchi marta qadam bosmadi. Salim otaning maktubini esa o‘ziga qaytarib olib kelib berdi. Bo‘lgan voqeani hikoya qilgach:
— Podsholar bilan bizning oramizda o‘tish mushkul bo‘lgan baland g‘ovlar borligi rost ekan! — dedi. — Endi sizga omad bersin-u o‘zingiz Humo¬yun¬ni biror joyda xoli uchratib, haqiqatni unga ay¬ting.
Bunday omad qachon kelishini Salim ota ham bilmas edi.

______________
* I k k i  b i g h — yarim gektardan ko‘proq.
* M a h d i y — aslida «tug‘ma» degan ma’noni bildiradi. Ruhoniylar bu so‘zga ilohiy tus berib, «g‘oyibdan keladigan odil peshvo Mahdiy», deyishgan.
* M i yo n — «domla», «mavlono» deganga o‘xshash so‘z. Fozil kishiga nisbatan aytiladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:54:26
D E H L I
ZAFARDAN KEYINGI JUDOLIK

Akbar Dehlini o‘n uch yoshida g‘alaba shodi¬yonasi kunida birinchi marta ko‘rdi. Sherxon avlodlari Panjobda mag‘lub bo‘lganlaridan keyin Dehlini ham tashlab qochishdi. Shaharda qolgan a’yonlar Humo¬yunga peshvoz chiqib, qal’a darvozalarining kalitini topshirdilar. Shundan so‘ng tuya mingan jarchilar Humoyunning g‘alaba munosabati bilan afvi umumiy e’lon qilinganligi haqidagi farmonini ko‘cha-ko‘yda aytib o‘tdilar.
Humoyunning o‘zi ham shaharning mashhur Puran* qal’asiga boradigan markaziy ko‘chadan mingtacha odami bilan naqoralar va karnay-surnaylar chaldirib, tantana bilan o‘tdi. Ko‘chaning ikki chetida xaloyiq g‘uj-g‘uj bo‘lib turibdi. Ularning orasida yengilgan Iskandarshohning alamzada odamlari ham bo‘lishi va pistirmadan o‘q otishi mumkin. Shuning uchun ulkan qora fil ustida oltin ko‘shkday bezatilgan shiypon tagida o‘ltirgan Humoyun boshiga dubulg‘a, egniga zirhli kiyim kiygan.
Xartumidan dumigacha cho‘g‘day bezatilgan, bo‘yniga ulkan gulshodalar osilgan podsho filini yuzlab otliqlar o‘rab qo‘riqlab bormoqda.
Akbar ana shu otliqlarning oldingi safida, otasi¬ning o‘ng yonida Hayron nomli go‘zal saman otini minib kelmoqda. Undan orqaroqda — Bayramxon, turdibek, Aliqulixon o‘zbek, Qilichxon Andijoniy kabi ahli davlat... Abdulla Ansoriy boshliq din peshvolari podsho filining orqarog‘ida bormoqda. Abdulla Ansoriy xuddi Islomshoh saroyidagi kabi Humoyun saroyida ham diniy peshvo bo‘lib olganligi rost edi. Lekin Humoyun uni birinchi kunlardanoq qattiq itoatda tutishga intilar, mavkabda ahli davlat-dan keyingi ikkinchi o‘rinda borishi kerakligini miri tuzukka o‘zi tayinlagan edi.
Dehli ko‘chalaridagi xaloyiq podshoning filini kim minib borayotganiga ham e’tibor berib qarar edi. Filbon La’l Chand Qandahor va Kobulga yetolmay, Hindistonda qolgan, lekin Humoyun Laxo‘rga qaytganini eshitgan zahoti yana uning huzuriga borgan va Sirhinddagi jangda qo‘lidan kelgan ko‘maklarni bergan edi... Humoyun eski qadrdonining ko‘p yillik yaxshiliklarini qaytarish uchun bugun Dehli markazidan minib o‘tayotgan shohona filni boshqarishni La’l Chandga topshirdi. Yo‘l chetidagi odamlarning ba’zisi Dehlida ko‘p yil yashagan La’l Chandni tanib, bir-birlariga iftixor bilan ko‘rsatishardi.
Bir vaqtlar Humoyun Agrada shu ishni qilmoq¬chi bo‘lganda yo‘l bermagan Said Xalil endi yo‘q, hozirgi shayxulislom Abdulla Ansoriy esa Islom-shohga ko‘p yil xizmat qilganligi uchun tili qisiq, «g‘ayridin podshoning filini minmasin!» deb e’tiroz qila olmaydi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:54:44
Din peshvolari «g‘ayridin» deb xushlamaydigan La’l Chand kabi hindlar Kalanjarda Sherxon bilan qahramonlarcha jang qilib, uni qanday halokatga uchratganligi Humoyunning yodidan chiqmaydi. U dini boshqa bo‘lsa ham, dili insoniy fazilatlarga to‘la bo‘lgan mana shu ulug‘ elga o‘z ehtiromini bildirish uchun bugun Dehlidan hindlar juda e’zozlaydigan jonivor — filda o‘tishni va bu filning izmini La’l Chandga topshirishni lozim ko‘rgan edi.
Karnay-surnaylar va naqora tovushlari baland joydagi qizil tosh devorli Puron qal’a darvozasiga yetganda tindi. Bu yerga oldinroq kelgan maxsus qo‘riqchilar va xizmatkorlar qal’ani orasta qilib jihoz¬lab, yo‘lkalarga poyandozlar to‘shatib qo‘ygan edilar. Qal’a hovlisi juda keng, u boshidan bu boshigacha ming qadamdan ortiq.
Kech kirgan bo‘lsa ham saraton issig‘i juda baland. Humoyun kuni bo‘yi zirhli kiyimda yurib, issiqda juda lohas bo‘lgani uchun xonayi xosda eng avval yengil ipak kiyimlarini kiydi, sovutilgan lim-u sharbatidan ichdi. Bari bir bino ichi issiq va dim tuyulib, nafasi qaytganday bo‘laverdi. Shundan keyin Akbarni yoniga olib hovliga chiqdi va shabada tegadigan ochiqroq joy izladi.
Oftob botgan, lekin osmonning g‘arb tomoni hamon lovullab yonib turibdi. Yo‘lkalarga to‘shalgan qizg‘ish toshlardan ham kunduzgi issiqning tafti uryapti. Qal’aning eng baland joyi kunbotish tomonda — Sherxonning masjidi va shermandal deb ata¬ladigan tepasi ochiq tosh bino turgan joyda edi. Humoyun Sherxon qurdirgan masjidning o‘rni yaxshi tanlanganiga, bino peshtoqi salobatli, tosh bezaklari o‘ziga yarashib tushganiga tan berdi-yu:
— Durust, Sherxon o‘zidan yaxshi xotira ham qoldiribdir, — deb qo‘ydi.
Masjiddan o‘ngda — baland va xushmanazara bir joyda sakkiz burchakli, ikki oshiyonli mo‘jaz bino turibdi. Buning tarxini bir vaqtlar Humoyun chiz¬dirgan va kitobxona uchun mo‘ljallagan edi. Lekin to‘polonlar boshlangandan so‘ng qurilishlar to‘xtab, bu bino ham chala qolib ketdi. Keyin uni Sherxon o‘z didiga moslab, uchinchi qavatini shabada tegadigan ochiq sahn qilib qurdiribdi. Salqin shamol esib turadigan bu shinam joy xursandchilik qilinadigan manzil — mandal nomini olibdi.
Humoyunning odamlari bugun shermandalni ham yuvib, tozalab, tepadagi shiyponiga gilam va ko‘r¬pa¬chalar to‘shab qo‘yishgan edi.
Zinapoya oldida turgan soqchi yigit ota-bolaga yo‘l berib, o‘zini darhol chetga oldi. Humoyun yaxlit va dag‘al kulrang toshlardan tarashlangan zinapoyaga oyoq qo‘yib yuqoriga qaradi. Zinapoya tik va tor, unga faqat bitta odam sig‘adi, ichi nimqorong‘i. Besh-olti qadam narida yana xuddi shunga o‘xshash ikkinchi zinapoya bor — bunisi chiqish uchun bo‘sa, narigisi pastga tushish uchunmi? Tosh quduqqa o‘xshaydigan va yuqoriga parmaday buralib chiqadigan har ikki zinapoya ham Humoyunga yoqmadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:54:57
— Ikkalasini birga qo‘shib tarashlatsa quduqday tor bo‘mas edi, — dedi Akbarga o‘girilib. Zinapoyada qo‘l bilan tutadigan qanot ham yo‘q. Humoyun Ak¬barni ergashtirib ikkinchi qavatiga chiqdi. Bu yerda¬gi xonalar shinam, kitob javonlari o‘rnatsa bo‘ladigan joylari ham bor. Ayniqsa, uchinchi qavatdagi orasta shiypon va sakkizta oq marmar ustunchalarga soya¬bon kabi o‘rnatilgan naqshin gumbaz juda ko‘rkam edi. Shiyponda g‘ir-g‘ir shabada esib turibdi.
Tik zinapoyadan chiqquncha entikib, terlab ketgan Humoyun ko‘rpacha ustiga o‘ltirib, o‘zini shaba¬daga soldi. U to nafasini rostlaguncha bir necha daqiqa o‘tdi. Bu orada Akbar shiypondan kaftda turganday aniq ko‘rinayotgan ulug‘vor shahar— Dehlini tomosha qildi. Qal’a devorining tagidan buralib oqib o‘tadigan Jamnaning g‘arbdagi qip-qizil shafaq rangiga bo‘yalib, yonib oqayotganidan hayratga tushdi.
 — Sen issiqni sezmaysan-a? — unga havasi kelib so‘radi Humoyun. — Tar sahrosida tug‘ilgansen, bu issiqlar qoningda bor. Lekin meni bugungi harorat g‘oyat betoqat qildi. Yoshlikda uncha sezmas edim.
Humoyun Akbarga sinchiklab qaradi-yu, birdan Hamida bonu yodiga tushdi. Akbarning novdaday egiluvchan qomati va yuz-ko‘zining jozibasi Hamida¬ning chavgon o‘ynab yurgandagi yoshligini eslatardi. Humoyunning yuragini sog‘inch tuyg‘usi orziqtirib o‘tdi. Kobulda qolgan Hamidani ko‘rmaganiga olti oy bo‘ldi. Yana ko‘rishish nasib etarmikin? Ammo, shukur, ota-onasining suratini ham, siyratini ham o‘zida jam etgan o‘g‘li yonida yuribdi-ku. Avlodlar taqdiri bir-biriga naqadar kirishib ketishini Humoyun endi astoydil his qilmoqda. Akbarning taqdiri tug‘il¬masidan ancha oldin — Hamida bilan Humoyun bir-birlari bilan ilk bor uchrashgan navro‘z kunlaridan boshlangan emasmi? Agar Humoyun Ganga va Karamnasa daryolariga cho‘kib ketganda Akbar ham dunyoga kelmas edi-ku. O‘shanda suvchi Nizom Humoyun bilan birga uning bo‘lajak o‘g‘lini — mana shu Akbarni ham qutqargan ekan-da. Odamning taqdiri uning o‘zidan oldin tug‘ilishi rost.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:55:11
Lekin Akbar o‘ng oylik bola paytida Qandahorda arosatda qolgani, uch yoshida Kobulda to‘p o‘qiga nishon qilib qo‘yilgani, kichiklikda boshdan kechirgan boshqa tahlika-yu tashvishlari uni tez ulg‘aytirdi. O‘g‘lining fahmi kattalarnikidan qolishmaydi. Shuning uchun Humoyun unga dil yorib so‘zladi:
— Otang ham keksaygani endi bilinmoqda, o‘g‘lim! Bu yil qirq yettiga kirdim. Otam shu yoshda qolgan umrlarini menga baxsh etib shunqor bo‘lgan edilar. Deydilarki, otasining yoshiga yetgan odamni Azroil bir silkitib ko‘rarmish, bo‘sh kelsa olib ketarmish.
Azroil — o‘lim timsoli ekanini biladigan Akbar otasiga xavotirli ko‘zlar bilan qaradi:
— Nechun bunday dedingiz, hazratim? Men sizga munosib o‘g‘il bo‘lish orzusida yuribmen. Lekin hali bu orzuimning o‘ndan biri ham ushalgani yo‘q. Tangriga iltijo qilurmen: barcha orzularimning ushalganini siz bilan birga ko‘raylik!
Mo‘ylabi sabza urib, ovozi yo‘g‘onlashib qolgan Akbarning bo‘liq gavdasi, o‘tkir fahmi, ayniqsa, hozir aytgan so‘zlari o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshli yigitnikiga o‘xshar edi. Humoyun o‘zining o‘n uch yoshda hali qiyinchilik ko‘rmagan arzanda o‘smir bo‘lganini esladi. Akbarni esa boshidan kechirgan tahlikalari, yaqindan ko‘rgan fojealari qanchalik tez ulg‘aytirganini otasi bugun aniqroq sezganday bo‘ldi. O‘g‘liga iliq bir gap aytgisi kelgan Humoyun:
— Jamna bo‘yidagi kiyik ovi yodingdami? — deb kulumsirab so‘radi.
Akbar bu ovga otalig‘i Bayramxon bilan chiqqan edi. Ishi o‘ngidan kelib, semiz bir qizil kiyikka duch keldi, uchqur oti Hayron ustida uni quvib borib, yoy o‘qi bilan biqiniga urib yiqitdi.
— Ovingiz muborak, amirzodam! — deb Bayramxon Akbarni tabrikladi. — Endi bu kiykdan qanday taom pishirtirmoqchisiz?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:55:48
— Buni hazrat otamdan so‘raylik.
Akbar kiyikni navkarlaridan ikkitasiga ko‘tartirib, otasining huzuriga olib keldi-da, uning oyog‘i oldiga qo‘ydi:
— Hazratim, o‘g‘lingizning birinchi ovi sizga peshkash!
Humoyun bo‘yi cho‘zilib otasiga tenglashib qolgan Akbarni bag‘riga bosdi.
Kunlar issiq, Akbar ovda terga botib ketganini sezgan Humoyun o‘g‘lini Jamnaning salqin qirg‘o¬g‘ida langar tashlab turgan kemaga boshlab chiqdi. Bovurchilar kiyik go‘shtidan og‘izda eridigan qilib kabob tayyorladilar. Kemaning tolorida ota-bola va Bayramxon uchovlari kabobni yeb bo‘lishgach, Hu¬moyun oftobachi keltirgan suvda qo‘l yuvdi-da, qog‘oz-qalam so‘radi, u hozir shu dasturxon ustida xayoliga quyulib kelgan satrlarni masnaviy shaklida tez-tez yozdi:

Xudoyo, tu in gavhari shahvor
Zi osibe badguharon dur dor.
Zi daryoyi donish ba o‘ ob deh
Zi xurshidi binish ba o‘ tob dex*.

Humoyun o‘g‘liga bu satrlarni o‘qib berdi:
— Mening senga tilagim shu! — dedi. — Ol!
Forsiy tilni ham yaxshi biladigan Akbar o‘rnidan turib, otasining she’rini ta’zim bilan oldi-da, ko‘zlariga surdi:
— Men buni jon o‘rnida asragaymen!
O‘sha kuni kechqurun Akbar o‘zining dastorpechiga buyurib, otasi in’om etgan to‘rt satrni shohi tumorchaga tikdirdi-da, kiyimlari ichidan bo‘yniga bilintirmay taqib oldi.
Mana, hozir u otasining yonida Dehlining eng baland joyiga qurilgan shiypon ustida turganda o‘sha tumorchaning shohisi issiqda terlagan badaniga allanechuk salqin tegayotganini sezdi-da, o‘zicha bir suyunib qo‘ydi.
— Shukurki, ko‘zim tirikligida seni Dehliga olib keldim, — dedi Humoyun. — Bu shahri azimni men ko‘pdan berli poytaxt qilish niyatida edim. Lekin meni bu niyatga yetkazadigan yo‘l yer tagidan o‘tganini bilmas ekanmen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 13:56:00
— Qandoq... yer tagidan? — tushunmay so‘radi Akbar.
Humoyun unga Qazvinda Elbrus tog‘i haqida eshitgan rivoyatini aytib berdi.
— Yer tagiga tushib ketgan o‘sha tog‘ mening yelkamdan bosib tushgandek bo‘ldi. o‘n besh yil davomida shu tog‘ni Sind-u, Qandahor-u, Qazvin-u Kobul orqali ko‘tarib o‘tishga majbur bo‘ldim, uning og‘irligidan ezilib azob tortdim. Nihoyat, bugun shu tog‘ — otam tuzib ketgan o‘sha ulkan davlat — yana yer yuzasiga qaytib chiqdi. Men qurishga ulgurmagan obidalarni endi sening qurmog‘ing uchun imkon bor. Axir ota qismatiga o‘g‘il sherik! Otamning umri menda davom etgan bo‘lsa, mening umrim senda davom etgay. Biz xuddi yuz yillab yashaydigan chinorning alohida shoxlari-yu ildizlariday yaxlit bir oi¬lamiz.
Humoyun o‘g‘liga bugun birinchi marta dilini yorib, ko‘nlining tubini ochib ko‘rsatar, Akbarning kamoli jiddiyat bilan tinglayotganidan hamma gapni ko‘ngliga tugayotgani bilinib turardi.
— Chinorning dastlabki ellik-oltmish yildagi o‘sishi bir avlod umriga qiyos etgulikdir, — deb davom etdi Humoyun. — Keyingi ellik-oltmish yillik o‘sishi ikkinchi avlod hisobiga bo‘lgay. Bu orada chinor avvalgidan ikki barobar baland ko‘tarilgay. Uchin¬chi avlodning umri bu chinorni eng baland yuksaklikka ko‘tarib, ulug‘ daraxtga aylantirgay. Lekin uning shu ulug‘ligida nihol paytida otgan ildizlari-yu o‘rta yasharligida yoygan shoxlarining hissasi bo‘lgaymi, yo‘qmi?
—Bo‘lgay! — dedi Akbar.
— Sen kelajakda eng baland poyalarga ko‘tarilganingda mening shu so‘zlarimni bir eslab qo‘ygin.
— Barcha so‘zlaringiz mening qalbimga toshga bitilgan harflarday naqshlanmoqda, hazrat otajon. Faqat siz... shunday ulkan g‘alabadan so‘ng... nechun ko‘nglingiz o‘ksigan kabi so‘zlamoqdasiz?

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:05:02
— Armonim ko‘p, o‘g‘lim, yoshlikda tuzgan ulkan rejalarim amalga oshmadi. Endi hammasini qaytadan boshlashga umrim yetmasligini sezib turibmen. Odamzod jamiyati hali benihoya nokomil. Alohida komil siymolar bor, ammo butun jamiyat — ato¬fimizni o‘rab turgan tabiatga nisbatan g‘oyat xom, betartib. Yer-u ko‘kdagi tartib-u muvozanat meni doim hayratga solur. Oftob vaqtida chiqgay. Oy aniq soat-u daqiqasida to‘lgay. Yulduzlar zo‘r bir tartib bilan aylangay. Bahor ketidan albatta yoz kelgay. Xayol¬parast ekanmenmi, yer-u ko‘kdagi mana shu tartib-u muvozanatni jamiyatga tadbiq etmoqchi bo‘libmen. Yilning o‘n ikki oyi, muchalning o‘n ikki yili asosida saroy ahlini o‘n ikki toifaga bo‘lib, har biriga alohida mavqe belgilabmen. Ammo men tabiatda yo‘q jaholat-u xurofot, riyokorlig-u amalparastlik, g‘alamislig-u xoinlik jamiyatda bijg‘ib yotganini unutgan ekanmen. To‘g‘ri, tabiatda yo‘q ilm-u san’at, ma’rifat-u zakovat fozil odamlarda bor. Lekin bizning jamiyatimizda ular hali juda oz. Shuning uchun mening bu yo‘ldagi harakatlarim shamolni tutib tartibga, solmoqchi bo‘lgan xayolparastning ishidek bekor ketdi.
Ota bola suhbatga berilib qorong‘i tusha boshlaganini sezmagan ekanlar. Shiyponning yaqinidagi masjiddan shom namozining azoni eshitildi. Shiy¬ponda chiroqlar yoqildi. Humoyun Akbar bilan pastki qavatga tushib tahorat olishdi, so‘ng masjidga birga borishdi.
Shayxulislom Ansoriy oldinda imomlik qildi. Humoyun o‘g‘li bilan yonma-yon turib namoz o‘qir ekan, Akbar sajdaga bosh qo‘yganda Qur’on oyatla-rini o‘smirlarga xos mas’um bir nafas bilan pichirlab aytganidan zavqi keldi. O‘g‘li ulg‘ayib otasi qatorida masjidda namoz o‘qiydigan kunlar kelganidan qalbi yayrab, «alhamdulillo!» deb shukrona aytdi.
Namozdan ruhi yengil tortib chiqqan Humoyun Akbarni o‘zining xonayi xosiga boshlab bordi. Hozir¬gi damlar unga allanechuk g‘animat tuyular, xu-dodan tilab olgan o‘g‘lini unutilmas bir in’om bilan quvontirgisi kelardi.
Xonayi xosning to‘rida ustiga silliq charm qoplangan, tagi mustahkam po‘latdan yasalgan og‘ir sandiq turgan edi. Humoyun cho‘ntagidan maxsus kalit olib sandiqni ochdi-da, uning tegida ipak matoga o‘rab, avaylab saqlanadigan oltin sopli qilichni oldi. Uni qinidan sekin chiqarar ekan, ovozini pasaytirib dedi:
— Bu Sohibqiron Amir Temurning qilichidir.
Akbarning ko‘zlari hayajon ichida yaltirab sehrli qilichga tikildi. Humoyun qilichning sopidan past¬rogiga quyma harflar bilan qadama qilingan «rosti rusti» degan so‘zlarni o‘g‘liga ko‘rsatdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:05:39
— Bu so‘zlar adolat ramzidir. Sohibqiron bo¬bomiz vasiyat qilganlarki, davlat ishining o‘ndan to‘qqiz qismi aql-u zakovat, tadbir-u maslahat, muro¬sa-yu madora bilan saranjom bo‘lur. Faqat o‘ndan bir qism ishni qilich bilan hal etmoq adolatdandir. Sen ana shuni hech qachon unutmagin. Bayramxon bilan seni yaqinda Panjobga jo‘natmoqchimen. U yoqlarda Sherxon avlodlari yana tajovuz qilishlari mumkin. Eng xatarli damlarda, adolat uchun jangga chiqqaningda mana shu qilichni ishga sol. Boshqa vaqtda buni asrab-avaylab avlodlaringga yetkazgin, toki ular ham ushbu tabarruk qilich himoyasida bo‘lsinlar.
Akbar o‘ng tizzasini yerga qo‘yib, ta’zim bilan qilichni otasining qo‘lidan ikki qo‘llab oldi-da, uning muqaddas yozuv bitilgan joyini ixlos bilan o‘pdi. Shu payt birdan o‘pkasi to‘lib, ko‘ziga yosh keldi. Yoshli ko‘zlarini otasiga tikib, ovozi titrab dedi:
— Hazrat otajon, inoning! Men sizga ham, bobokaloniomizning vasiyatlariga ham to o‘lgunimcha sodiq qolurmen!

____________
* P u r a n — ko‘hna, degan ma’noni bidiradi. Sakkiz asr burun qurilgan bu qal’a hali ham bor.

* Tarjimasi:
Xudoyo, o‘zin bu shoh gavharimni
Yomon ko‘zlardan asra, tagi yomonlardan uzoq tut.
Uni bilim daryosining suviga qondir.
Aqlu mehr oftobi bilan sayqal berib chiniqtir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:06:16
* * *

Kuni bo‘yi davlat ishlari bilan band bo‘ladigan Humoyun Dehlining issiq va dim oqshomlarida Puran Qal’aning shabada tegadigan baland joyidagi o‘sha usti ochiq shiyponga chiqib dam olardi. Bu joy unga yoqib qolgani uchun kutubxonasini shiyponning pastki qavatiga ko‘chirib keldi.
Uning farmonini so‘zsiz ado etayotgan amirlar Agra va Ajmir shaharlarini jangsiz ishg‘ol qildilar. Bu ishni qon to‘kmay uddalagan Iskandarxon O‘zbek agra hokimi qilib tayinlandi.
Rajastxon viloyatini urushsiz egallagan Turdibek Turkistoniy Bikanirdan Sind tomonlarga o‘tib keta¬yotgan bir turk lashkarboshisini yuzga yaqin odami bilan asir qilib, Dehliga podshoh ixtiyoriga olib keldi. Humoyun bu xabarni Turdibekdan eshitib hayron bo‘ldi:
— Turkiya lashkarboshisi Sind tomonlarda?.. Bu ne jumboq?
— Amiral bahr emish. Kemalarini dengizda farangilar halok etibdir. Endi qurug‘lik yo‘l bilan vatanlariga qaytmoq fikrida ekan. Turkiya podshosi Sulaymon Qonuniy bergan vakolat bilan kelgan emish. Sizning qobulinizga kirish istagini bildirdi. Qayta-qayta iltimos qildi.
— Vakolatini tasdiq etadigan biron dalili bormi?
— Podshosi bergan hujjati bor. Nomi Seydi Ali Rais. o‘ng beshta turk harbiy kemasiga amiral bahr qilib tayin etilgani haqida Sulaymon Qonuniyning muhri bosilgan farmonni menga ko‘rsatdi.
— Undoq bo‘lsa, ertaga nonushtadan so‘ng devoni xosga qabulga boshlab keling.
Seydi Ali Rais qirq yoshlarga borgan, kalta sar¬g‘ish soqoli moviy ko‘zlariga mos tushgan yirik gavdali odam edi. Boshiga tushgan falokatlarni Humo¬yunga so‘zlab berayotganda kuyunganidan lablari quruqshab, tili og‘zida qiyinchilik bilan aylanardi:
— Bizga sizdek qudratli homiy gerak idi! Gujarat podshosi Sulton Ahmad zaiflik qildi!..
ma’lum bo‘lishicha, Gujarat podshosi Turk sultoniga elchi yuborib, Hindistonning Goa va Daman orollarini bosib olgan Portugallarni quvib yuorish uchun harbiy yordam so‘ragan, buning evaziga sodiq ittifoqdosh bo‘lish haqida katta va’dalar bergan edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:06:39
Turk podshosi bu va’dalarga ishonib, o‘n beshta harbiy kemasini Seydi Ali Rais boshchiligida Qizil dengiz orqali Hindistonning g‘arbiy qirg‘og‘iga jo‘natadi. Ammo turk kemalari Fors ko‘rfaziga kirganda Portugallarning 32 ta eng yaxshi qurollangan harbiy kemalari ularni qurshovga oladi. Kuchlar teng emas edi. Shunday bo‘lsa ham turk dengizchilari dadil jangga kirishadi. Katta talofatlar berib, qurshovni yorib chiqqanlarida sakkizta kemalari omon qoladi. Seydi Ali Rais ularni Hindiston tomonga boshlab ketadi. Lekin Surat bandariga bir kunlik yo‘l qolganda qattiq dovul ko‘tariladi, osmondan sel quyadi, atrof yaxshi ko‘rinmaydi, yo‘ldan adashib, yana portugal kemalariga yaqin borib qolishadi. Ikkinchi marta dahshatli jang bo‘ladi. Seydi Ali Rais bu gal yana to‘rtta kemasini boy beradi. Qolgan to‘rt kemasi va yuztacha odami bilan Surat bandariga yetib keladi. Bu yerda Gujarat podshosi ularni o‘z himoyasiga oladi.
 — Endi dengiz orqali vatanlaringga qaytolmaysiz¬lar, kemalaringizni biz qo‘riqlab turamiz, quruqlik orqali borib, yangi bir kema karvoni bilan qaytib ke¬linglar, — deydi Sulton Ahmad. Seydi Ali Sind va Panjob orqali Turonga, undan Kavkaz orqali Tur¬kiyaga qaytmoqchi bo‘lib ketayotganda Turdibekning odamlari ularni qo‘lga oladi.
— Afandim, — dedi Humoyun. — Siz Gujarat viloyatini Turkiyaga tobe qilish maqsadida harbiy kemalar bilan qo‘shin tortib kelmishsiz?
— Hazrati oliylari, Gujarat ilgari sizning mulkingiz bo‘lganidan xabarimiz bor. Axir biz hammamiz bitta turk otaning farzandlarimiz-ku! Gujarat farangilarga tobe bo‘lguncha, siz-u bizga mulk bo‘lsa afzal emasmi?
— Bitta otaning farzandlari maslahatlashib ish qilsalar yaxshi bo‘lmasmidi? Uzoq Istambulda turib Hind ummoni bo‘yidagi Gujaratga egalik qilish mumkin emasligini sizning boshingizga tushgan savdolar ko‘rsatib turibdir. Undan ko‘ra siz avval biz¬ning huzurimizga keling edi. Gujaratni Farangilar panjasidan chiqarib olish bizning ham niyatimizdir. Agar birgalashib harakat qilsak siz shuncha kemalaringizni boy berib, bu qadar abgor bo‘lmas edingiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:06:54
— Hazratim, men safarga otlanganimda siz hali Kobulda edingiz. Hindiston taxti bu yil sizga qaytadan muyassar bo‘lgani bizni behad quvontirdi. Menga ruxsat bering, tezroq Istanbulga qaytay, siz¬ning g‘alabangizga oid xushxabarni Sulton Sulaymon Qonuniy Hazratlariga yetkazay. Ikki orada ittifoq tuzaylik, Gujarat sohillaridan farangilarni birgalashib quvaylik!
— Mana bu niyatingiz yaxshi, janob Rais! Ammo hozir uzoq safarga chiqadigan payt emas. Sherxon avlodlari bilan urush avjida. Yo‘llar xatarli. Men sizga ko‘nglingiz tilagan vazifani beray. Biror yil bizda xizmat qiling.
— Tashakkur, hazratim, ammo faqir hamon turk sultonining xizmatidamen. Tezroq qaytishim zarur.
— Siz amiral bahr sifatida falakiyot ilmini, yulduz¬lar xaritasini yaxshi bilsangiz kerak?
— Mening ota-bobolarim ham amiral bahr bo‘lganlar. Yulduzlar xaritasini bolaligimdan bilurmen.
— Unday bo‘lsa biz uchun «Doirayi Muad¬dilunga»* oid risola bilan yulduzlar xaritasidan bir nusxa tayyorlab beraolurmisiz?
— Bosh ustina, hazati oliylari!
Yulduzlar xaritasi va unga oid risola tayyor bo‘lgandan so‘ng Humoyun Seydi Alini kutubxonasi joylashgan o‘sha tosh imoratning uchinchi oshiyonida qabul qildi. Podshoning yonida zar yoqalik yengil havorang to‘n kiygan chiroyli yigitcha ham bor edi. Seydi Ali uning shahzoda Akbar ekanini fahmlab ota-bolaning har biriga alohida ta’zim qildi. Seydi Ali Rais risolaga qo‘shib turkcha yozgan bir she’rini ham Humoyunga taqdim etdi. Humoyun risola uchun minnatdorchilik bildirdi. So‘ng Seyd Alining she’rini Akbar ham eshitsin uchun ovoz chiqarib o‘qidi:

G‘ofil o‘lma, tushdiging yer — mulki Hindistondir.*
Haq budur — dunyoda jannat mulkati Usmondir.
Dush oyog‘ina* Humoyun podshohing, ruxsat ol.
Doimo dushganlara oning ishi ehsondir.*

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:08:27
— Tushundingizmi amirzoda? — deb Humoyun o‘g‘lidan so‘radi. Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘agach, davom etdi: — Janob Rais, «oyog‘ina dushmoq» shart emas, busiz ham biz ehsona tayyor¬miz. Faqat bitta savol bor, «Haq budurki, dunyoning jannati — Turkiyadir» debsiz. Qani buning dalilini haq makoni bo‘lmish osmon-u yulduzlar orqali ko‘rsata olurmisiz?
— Hazrati oliylari, osmondagi yulduzlar yaratganning ixtiyoridadur. Ular orqali Turkiyaning jannatli¬gini isbot etishga banda ojizmen. Faqat arzim shuki, Qur’oni Karimda aytilganidek, vatanni sevmoq imon¬dandur. Agar siz «Dunyoning jannati Turkis¬tondir, yoki Hindistondir» desangiz, faqir buni ham haq deb bilurmen. Chunki ota yurtingiz Turkiston bilan hozirgi mulkingiz Hindiston siz uchvn vatandir. Vatanni sevgan odam uni jannat deb e’zozlashi esa tabiiydir.
— Biroq rum turklari ham Turkistonni «ota yurtim» derlar-ku. Nechun siz faqat mulki Usmonni afzal ko‘rursiz.
— Ehtimol bu bizga ota-bobolardan o‘tgan odatdir. Agar sizning bobokaloningiz Amir Temur Turkistonni afzal ko‘rmaganda Anqaraga qo‘shin tortib borib, Yildirim Boyazid bilan urushmagan bo‘lur edi.
— Bu urushda qars ikki qo‘ldan chiqmishdir, janob Rais. Yildirim Boyazid ham o‘z davlatini ulug‘lab, Amir Temurni kamsituvchi maktublar bitmishdir.
— Bu ikki buyuk turk podshosini bir-biriga gij-gijlab urushtirganlar — farangiston josuslaridir. Ehtimol bobokaloningizni kamsituvchi maktublarni Yildirim Boyazid nomidan o‘shal josuslar yozgandirlar? Chunki farangilar Yildirim Boyaziddan mag‘lub bo‘lib, najot izlab yurganlarida Amir Temur ularning najotkori bo‘ldi. Yildirim Boyazid yengilgandan so‘ng farangilar qaddini tiklab, mana endi Hindistonga tajovuz qilmoqdalar.
Humoyun ufqqa bosh qo‘yayotgan yangi oyga o‘ychan tikilib:
— Bu gapingizda jon bor janob Rais, — dedi va o‘g‘liga bir ko‘z tashlab «quloq sol» degandek ishora qildi: — Mening rahmatli otam ham Amir Temur bilan Yildirim Boyazidning urushini anglashilmovchilik oqibati deb hisoblar edilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:21:10
Endi biz, keyingi avlod tojdorlari, bunday ishni takrorlamaslikka intilmoqdamiz. Shul sababdan rahmatlik Boburshoh Eron bilan ham, Turon bilan elchilar almashindi, bordi-keldini yaxshi yo‘lga qo‘ydi. turkiyadan Agraga muhandis-u me’morlarni taklif etdi. Afsuski, turk podsholari bilan yaqin aloqa o‘rnata olganimiz yo‘q. Holbuki, qo‘shinimiz safida Mustafo Rumi kabi bahodir to‘pchi-yu to‘fangandoz* turk yigitlari bor. Ular Panipat jangida ham, Sekri jangida ham jasoratlar ko‘rsatib, mukofotlar olmishlar. Biz Turk dasturi bilan arobalar yasatganmiz. Zarbzanlarimiz bu arobalardan yog‘iylarga zo‘r toshlar otib, hatto fillarni yiqiturlar.
Seydi Alining ko‘ziga birdan yosh keldi, ovozi titrab dedi:
— Turk yigitlarining botirligi haqidagi so‘zlarin¬gizdan ta’sirlanib, iftixorim zo‘ridan yig‘lab yuborguday bo‘lmoqdamen. Bag‘ri keng ulug‘ podshoh ekanligingizni vatanimga borib so‘zlab berish menga nasib qilsin. Sulaymon Qonuniy ham siz kabi dono sultondir. Ishonamenki, yaqin kelajakda sizga Turkiya¬dan elchilar kelgay. Surat bandarida bir necha kemalarim qoldi. Ularning biriga Sulaymoniy deb ataladigan eng ulkan zambarakni yashirib kelmishmen. Zambarakni sizga podshohimiz nomidan in’om eturmen. Toki dengizlarda ham turk dasturi bilan jang qilib, farangilarni Hind ummonidan quvib yuborish sizga muyassar bo‘lsin!
— Omin, aytganingiz kelsin! — deb Humoyun yuziga fotiha tortganda Akbar ham qo‘llarini yuziga surdi.
Oradan ikki kun o‘tgach Seydi Ali Raisga bosh oyoq sarupolar, ot va safar anjomlari in’om etildi va Turkiyaga qaytishga ruxsat berildi.

_____________
* «Doirayi Muaddilun» — ekvator doirasi. Janubiy va Shimoliy yarimsharlar chizig‘i.
* Tushdiging yer — kelib tushgan yering.
* Dush oyogina — «oyog‘iga yiqil» degani.
* Bu satrlar Seydi Ali Raisning «Mir‘oti mamolik» kitobida keltirilgan.
* T o‘ f a n g a n d o z — miltiq otuvchi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:23:20
Akbarni Bayramxon bilan Panjobga jo‘natishdan bir kun oldin Humoyun o‘g‘lini yana xonayi xosga chaqirtirdi. Akbar ketsa Humoyun uni negadir qayta ko‘rolmaydigandek ma’yus bo‘lardi.
Podshoh otasining «Vaqoyi’» kitobini eng yaxshi xattotlarga berib, Akbar uchun tilla suvi bilan bezatilgan maxsus nusxa ko‘chirtirgan edi. Humoyun kutubxonasining kitobdori Xo‘ja Abdusamad kasbdoshi Mirsaid Ali bilan birga «Boburnoma» voqealari bo‘yicha ilk rasmlar ham chizishgan edi. Yoshi ulug‘ Xo‘ja Abdusamad oldinda, o‘ttiz yoshli xushbichim Mirsaid Ali orqada, zinapoyadan chiqib keldilar. Xo‘ja Abdusamad «Boburnoma»ning Akbar uchun ko‘chirtirilgan yangi nusxasini ikki qo‘lida avaylab tutganicha ta’zim qilib kirdi. Humoyun Akbarga yuzlanib dedi:
— Hazrat otam, «bu kitobni avlodlaring ham o‘qisin», degan edilar. Men shu vasiyatni bajo kelti¬radigan kunlarga yetishganimdan shodmen. Afsuski, seni andijon-u Samarqandlarga olib borolmadim. Endi otamning bu kitobi seni xayol qanotida Mova-roun¬nahrga olib borsin! Akbar, sen ham men kabi, hamisha shu kitobdan ruhiy madad olib yashagin!
Akbar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
— Umrim oxirigacha o‘gitingizga sodiq qolgumdir, hazrat otajon! — dedi.
— Otamdan menga o‘tgan bir e’tiqodni senga aytmoqchimen. «Xayolparast» deyishlaridan qo‘rqmay, eng ulug‘ maqsadlarni ko‘zlashga o‘rgan. Ammo hech bir ulug‘ maqsad — ulug‘ iste’dodlarsiz, davr¬ning eng komil siymolarisiz amalga oshmagay. Shuning uchun atrofingga eng yaxshi odamlarni, eng zo‘r iste’dodlarni iloji boricha ko‘proq to‘plagin. Dunyonging hech bir boyligi, hech qaysi gavhar-u javohiri senga o‘zing to‘plab parvarish qilgan ulug‘ iste’dodlarchalik quvonch-u shuhrat keltira olmagay. iste’dodli odamlarda insoniy nuqsonlar, noz-u firoq¬lar bo‘lsa, buni kechirmoq kerak. Sen ularni avaylab kamolga yetkazsang, o‘zingning oliy kamoloting ana shu bo‘lg‘ay. Sen qancha ko‘p odamga yaxshilik qilsang, bu yaxshilik boshqa kutilmagan joylardan o‘shanchalik ko‘payib qaytgay. Dunyoda yaxshi bo‘lish-u yaxshilik qilishdan afzalroq baxt yo‘q, shuni hech qachon unutma, o‘g‘lim!
Humoyun shu so‘zlar bilan o‘g‘liga otasining kitobini taqdim etdi. Akbar kitobdan benihoya mamnun bo‘lsa ham, biroq otasi xuddi boshqa ko‘risholmasliklarini oldindan sezganga o‘xshab gapirgani anchagacha uni hayratga solib yurdi.
Humoyunning o‘zi ham Akbarni jo‘natgandan so‘ng: «Men nechun o‘smir o‘g‘limga bunday gaplar¬ni aytdim?» deb, ich-ichidan taajjublanib qo‘ydi. Axir uning ishlari endi o‘nglandi. Qish o‘tib, dovonlar ochilsa, Hamida begim Kobuldan keladi, ikkovlari hali Akbarni uylantirishlari, nevara ko‘rishlari kerak!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:23:32
Bo‘sh vaqti bo‘lsa u odatdagiday kutubxonaga kelardi. Tik va tor zinapoyadan ko‘tarilib tushish unga xiyla noqulay tuyular, lekin vaqt o‘tishi bilan bunga odatlanib borar edi. Zinapoyalarning nega quduqqa o‘xshatib tor va tik qilib qurilganidan o‘zicha bir ma’no ham topganday bo‘ldi. Zinapoyaga faqat bitta odam sig‘ishi podshoni qo‘riqlash uchun qulay edi. Bu yerda bitta soqchi tursa bas, yuzta odam hujum qilib kelsa ham zinapoyadan yopirilib o‘tolmaydi. Bitta-bitta o‘tib ko‘tarilganini esa yuqorida turgan odam daf qilishi oson. Binoga kiradigan boshqa hech qanday yo‘l yo‘q. Kirdi-chiqdi kamligi Humoyunning kutubxonada tinchgina mutolaa qilishi uchun ham qulay edi.
Mana shu tarzda u Sherxon qurdirib ketgan zinapoyaning torligi, tikligi va boshqa noqulayliklariga ko‘nikdi. Dehlining quruq va salqin qish kechala¬rida osmonni to‘ldirib charaqlab chiqadigan yulduz¬larni tepadagi shiypondan tomosha qiladigan ham bo‘ldi.
Kobulda qirchillama qish bo‘ladigan dalv oyida ham Dehlida havo bahor paytidagiday mayin, atrof ko‘m-ko‘k edi. Hajdan qaytgan munajjim mavlono Roziullo Humoyunga sahar paytida Suhayl yulduzini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
— Suhayl yulduzini bir ko‘rgan odam bu dunyo-yu u dunyoda barcha murodlariga yetgay, — dedi mav¬lono Roziullo.
Bu so‘zlarning odatdagi mubolag‘a ekanini Humoyun bilardi, lekin u Suhayl yulduzini ko‘rishga ko‘pdan ishtiyoqmand edi. Otasi bu yulduzni umrida bir marta Hindikush tog‘ining baland bir joyida turib tong saharda ko‘rganini «Boburnoma»da yozib ketgan edi. «Toleim otamnikichalik bo‘lsa umrimdan zinhor shikoyat qilmagaymen» degan e’tiqodni ko‘ngliga tukkan Humoyun Suhayl yulduzini albatta bir ko‘rmoqchi bo‘ldi.
U ham Boburga o‘xshab uyqusizlikdan qiynalar, ba’zan afyun qo‘shilgan ma’jun yeb uxlar edi. Bugun kechasi ham ma’jun yeb to‘rt soatcha qattiq uxladi. Asli u kam uyqu odamlardan edi, to‘rt soat uxlasa bir kunga kifoya qilardi. Shuning uchun doim erta turardi. Bugun ham shunday paytda turib bet-qo‘lini yuvdi.
Mavlono Roziullo yana bir munajjim bilan uni kutubxona oldida kutib turishgan ekan. Humoyun ularni ergashtirib, o‘sha tor va tik zinapoya oldiga keldi. Soqchilar ularga yo‘l berdilar. Zinapoya qo¬rong‘i bo‘lgani uchun charog‘bon oldinga o‘tdi. Shu orada mavlono Roziullo bilan kelgan munajjim:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:23:43
— Hazratim, — deb Humoyunga murojaat qildi.— Faqir Makkatulloni tafov qilgandan so‘ng Damashqqa borgan edim. O‘sha yerda iningiz mirzo Komronni ko‘rdim.
Humoyun bu xabardan suyunib:
— Eson-omon ekanmi? — dedi. — Nechun ha¬nuz¬gacha qaytmabdir?
— Damashqda hovli-joy sotib olibdilar. Tanmah¬ramlari Chuchuk begim yonlarida. yana bir qancha vaqt o‘sha joyda istiqomat qilsalar kerak. Sizga salom yo‘lladilar.
— Salomat bo‘lsin, — dedi Humoyun zinapoyaga qadam qo‘yarkan. Inisining tirik ekani haqidagi xabardan yengil tortib, uchinchi qavatdagi shiyponga odatdagidan osonroq ko‘tarildi.
Bugun osmon nihoyatda tiniq, yulduzlar odatdagidan ham ko‘p. Osmonning sharqi endi oqarayotgan paytda uning janub tomonida, ufqqa yaqin bir joyda sariq aralash aqiqday pushtirang yulduz ko‘rindi.
— Suhayl* ana shu! — dedi mavlono Roziullo hayajon bilan.
Humoyun uni usturlob orqali kuzatar ekan, umri davomida ko‘rgan yulduzlarining eng go‘zali shu ekanini sezdi.
Shu payt pastdagi masjidning imomi mezanaga ko‘tarila boshladi. Mavlono Roziullo:
— Hazratim, bomdod namoziga bormoq kerak, — deb qoldi.
Tong endi yorishgan. Suhayl uning nuriga singib ketayotgandek ko‘rinmay qoldi.
Humoyun namozga borish uchun zinapoyaga tomon yo‘naldi. Shu payt tong qorong‘isi ichida yotgan quduqsimon zinapoyaning og‘zi Humoyunning ko‘ziga xuddi o‘n olti juft ho‘kiz sudrab yuradigan eng katta zambarakning og‘ziday qorayib ko‘rindi. Bu zambarakning ichidan hozir o‘q otilib chiqadigandek tuyuldi. Sherxonni halok qilgan zambarak o‘qi Humoyunning xayolida gavdalanib, uni shunday seskantirdiki, boshi muzlab ketdi. «Bema’ni ro‘yo! — deb ichida o‘zini koyidi. — Menga ne bo‘ldi? Kechasi yegan ma’junimda afyun ko‘proq ekanmi?»
U charog‘bonga qarab:
— Oldinga o‘ting, — dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:24:01
Zinapoyaga chiroq nuri tushgach, odatdagi tosh pillapoyalar ko‘rindi-yu, ro‘yo yo‘qoldi. Uch-to‘rt qadam oldinda charog‘bon, o‘rtada Humoyun, undan uch-to‘rt qadam narida munajjimlar zinalarni bir-bir bosib pastga tusha boshladilar. Boyagi seskanish o‘tib ketgan bo‘lsa ham, Humoyunning tizzalarida ozgina titrog‘i qolgan, oyoqlari avvalgidan madorsizroq tuyular edi. Shu payt masjid tomondan azon tovushi eshitildi. Humoyun namozga kech qolmaslik uchun qadamini tezlatdi.
Zinapoya parmaga o‘xshab o‘ngga burilgan joyda uch-to‘rtta zinaning o‘ng tomoni juda tor, oyoq sig‘mas edi. Humoyun avvallari o‘tganda zinaning chap tomonidagi kenroq qismiga oyoq  qo‘yib o‘tardi. Hozir shoshilinchda shu esidan chiqdi-yu, zinaning eng tor va sirg‘anchiq o‘ng tomoniga ustma-ust ikki marta qadam qo‘ydi. har ikki oyog‘i ham zinadan sirpanib ketib, muvozanatini yo‘qotdi, atrofiga qo‘llarini yoydi, ammo ushlab qoladigan hech narsa yo‘q. Oldindagi charog‘bon ham, orqadagi munajjim ham yordamga yetib ulgurolmadi. Munkib ketgan Humoyun peshonasi bilan zinapoyaning tosh devoriga qarsillab urildi. Ko‘zlaridan yashil, qizil uchqunlar sachradi, Kobulda qolgan Hamida bonu, Panjobda yurgan Akbar, Damashqdagi Komron, hatto uzoq Sirdaryo bo‘yida, Axsi jaridan yiqilib halok bo‘lgan bobosi Umarshayx mirzo xayolidan chaqmoqday tez, kamalakday rangin bo‘lib o‘tdi-yu, birdan yo‘qoldi. Humoyun hushidan ketib, gavdasining butun og‘iri bilan zinapoyaga ag‘anab tushdi. Shunda boshi tosh zinalarga yana uch-to‘rt marta qattiq urilib, jarohati battar og‘irlashdi. Uch kun xushiga kelolmay yotib, jon berdi.

______________
* S u h a y l — hozirgi ilmiy tilda Kanopus yulduzi.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:24:22
Ikkinchi qism: AKBAR

P A N I P A T,  D E H L I
TO‘FONDA QOLGAN YOSHLIK

Dehlidan uch yuz mil uzoqda — Panjobning shimoli sharqidagi Kalanurda yurgan Akbar otasining o‘limi haqidagi xabarni oradan bir hafta o‘tgandan so‘ng eshitdi. Musibatli voqeaning tafsilotlarini chopar Nazirqul so‘zlab berganda o‘sha zinapoyaning kulrang toshlari uning boshiga ham urilganday vujudi karaxt bo‘lib qoldi, bir qancha vaqt hatto ko‘ziga yosh kelmadi.
Bayramxon darhol bek-u a’yonlarni to‘plab, Akbarni otasining o‘rniga taxtga chiqarish harakatiga tushdi. Taxt ham shitob bilan yog‘ochdan yasaldi va naridan beri bezatildi. Valiahd Akbar shu yog‘och taxt ustiga chiqib o‘ltirayotganda otasining kutubxona shiyponi ustida dil yorib aytgan gaplari birdan esiga tushdi, «baland poyalarga ko‘tarilganingda mening bu so‘zlarimni eslab qo‘ygin», degan vasiyati qulog‘i tagida qayta jaranglaganday bo‘ldi-yu, ko‘zlariga birdan yosh quyulib keldi.
a’yonlar Akbarga quyuq ta’zim qilib, toj-u taxt bilan muborakbod etayoganda uning ko‘zlaridan yosh oqayotgani ba’zilarni hayratga soldi, ba’zi beklar «hali bu bola-ku!» degandek kishi bilmas lab burib qo‘yishdi.
Uning ahvolini tushunib turgan Bayramxon kechasi Akbar bilan yakkama-yakka gaplashdi:
— Amirzodam, mardona turadigan eng tahlikali kunlar boshlanmoqda. Ilgari hazratimdan hayiqib Dehliga yaqin kelolmay yurgan Odilshoh bilan Hemu hozir ellik ming qo‘shin bilan Dehli ustiga bostirib bormoqda emish.
— Dehli hokimi... Turdibek bundan xabardormikin?
— Men hozir chopar Nazirquliga buyurdim. Yo‘l hozirligini ko‘rsin-u sahar palla Dehliga jo‘nasin. Mana, sizning nomingizdan Turdibekka yuboriladigan farmoyish. Puran qal’ada zahira yetarli, darvozalarni bekitsin, Dehlini zinhor Odilshoh bilan Hemuga topshirmasin.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:24:41
— Biz bu yerdan yordamga yetib borgumizdir! — dedi  Akbar. — Axir hazrat otamning Dehlidagi qabrlari yog‘iylar oyog‘i ostida qolmasligi kerak!
— Yaxshi so‘z aytdingiz. Bu so‘zlarni farmoyishga ham yozdirgaymiz. Mana bu joyiga muhr bosing.
Akbarning muhri bosilgan farmoyishni sahar palla yo‘lga chiqqan chopar Dehliga olib jo‘nadi. Uning ketidan Bayramxon ham Kalanurda bor qo‘shinni yig‘ib, janubga yurish boshladi.
Chopar bir haftada o‘tadigan yo‘lni katta qo‘shin o‘n besh kunda bosib o‘tishi mumkin.
Panipatga yetganlarida qarshilaridan bir necha ming kishilik qo‘shin chiqib keldi. Bayramxon chig‘dovullarni* yuborib — bu Dehlidan kelayotgan Turdibekning lashkari ekanini aniqladi-yu, hang-mang bo‘lib yonidagi Akbarga qaradi:
— Nahotki poytaxtni yog‘iyga topshirib kelgan bo‘lsa?!
Ular otlarini yeldirib Turdibekka peshvoz chiq¬dilar.
Rang-quti o‘chgan Turdibek Akbarga yaqin kelib otdan tushdi, jilovni rikobdoriga berib, yosh podsho¬ning qarshisida yukundi, so‘ng uning uzangisini o‘pib yig‘lab yubordi:
— Amirzodam, Xudo sizga quvvat bersin! Hazratimdan ayrilib qoldik! — Turdibek faqat bu musibatdangina emas, Dehlini dushmanga topshirib kelayotganidan ham kuyunib, yelkalari silkinib ho‘ngrab gapirdi: — Suyangan tog‘imiz endi yo‘q! Dehli ham ilikdan ketdi!
Otasini eslab ko‘zi yoshlangan Akbar so‘nggi gapdan ozorlanib so‘radi:
— Faramoyish yetib bormadimi?
— Sizning oliy farmoyishingiz yetib borganda biz shaharni tashlab chiqmoqda edik. bek-u a’yonlar mashvarat qilib shunday qarorga keldikki, Odilshoh bilan Hemuning ellik ming qo‘shiniga biz yolg‘iz bas kelolmagaymiz. Undan ko‘ra tezroq sizning huzu¬ringizga kelib, asosiy kuchlar bilan birlashmoqqa qaror qildik.
— Noto‘g‘ri qaror qilibsiz, janob Turdibek! — dedi Bayramxon birdan qizishib. — Siz amirzodam yuborgan farmoyish bo‘yicha Dehli qal’asini ichdan bekitmog‘ingiz kerak edi! Biz borguncha poytaxt ilikdan chiqmasligi lozim edi! Dehlini qayta olguncha hazratim qancha sarson-u sargardonliklarni boshdan kechirgan edilar! Siz yosh podshoning buyrug‘ini bajarmaganingiz uchun...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:24:58
«Jazo olmog‘ingiz kerak!» degan so‘zlarga yo‘l bermaslik uchun Turdibek Bayramxonning gapini shart kesdi:
— Janobi xoni xonon, men o‘ttiz yildan berli shu oliy xonadonga sodiq xizmat qilib kelmoqdamen. Sekridagi jangda jasorat ko‘rsatganim uchun Bobur hazratlari menga mana bu murassa xanjarni in’om etganlar! — Turdibek belgidagi sopiga va qiniga qimmatbaho toshlar bilan zeb berilgan xanjarni ko‘rsatdi-yu, Bayramxonga so‘z navbati bermay, ovozini ko‘tarib davom etdi: — Men Humoyun hazratlari bilan Ganga bo‘ylarida, Tar sahrosida, Qazvinda birga yurib, necha o‘limlardan qolganmen, necha marta hazratimning inoyatlariga sazovor bo‘lganmen. — Turdibek Akbarga yuzlandi. — Amirzodam, otangiz¬ning boshlariga eng og‘ir kunlar tushganda, boshqalar yuz o‘girib tashlab ketganda men hamisha yonlarida bo‘lganmen!
— Buni men bilurmen! — dedi Akbar va achinib so‘radi: — Ammo nechun otamning qabrlarini yog‘iy¬lar oyog‘i ostiga tashlab keldingiz?
— Vaziyat bizni shunga majbur qildi! Boshqa iloj yo‘q edi, amirzodam! Lekin Dehli yonidagi Tug‘lo¬q¬ob¬odda Hemu bilan dadil jang qildik. Biz besh ming kishi edik. Hemuning ellik ming qo‘shiniga, mingta jangovar filiga bas kelolmadik, ikki ming kishi talafot bo‘ldi, qolgan uch ming odamni omon saqlab, huzu¬ringizga olib keldim.
Bayramxonning qahri kelib xitob qildi:
— Siz Dehli qal’asidan chiqmasligingiz lozim edi! Tug‘loqoboddagi jang ham sizning xatoyingiz! Ikki ming kishining qoni ham sizning bo‘yningizga tushadir!
Akbar yoshi otasidan katta ikki mo‘tabar bekning bu janjalini qanday bosishini bilmas edi.
— Amirzodam, adolat qiling! — deb Turdibek yana Akbarga yuzlandi. — Men yog‘iyni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib kelmoqdamen. Bayramxon janoblari hali uning qanday bir dahshat ekanini ko‘rmay turib meni ayblamoqdalar! Axir bu Hemu degan baloyi azimga Ibrohim sur qirq ming qo‘shin bilan bas kelolmay yengildi-ku! Amirzodam, biz sizni ham bu ulkan xatardan ehtiyot qilmog‘imiz kerak. Yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rmasdan turib Hemuni yengib bo‘lmag‘ay! Iloji bo‘lsa, Panjob-u Kobuldan, Qandahor-u G‘azni¬dan yangi askariy kuchlar yig‘ib kelmoq lozim!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:25:12
— Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘ringay! — deb Bay¬ramxon uning so‘zini kesdi. — Siz bu vahima gaplar bilan qo‘shinning kayfiyatini ham buzmoqchimisiz, janob Turdibek? Sizning gapingizga kirsak, yana Hindistonni boy berib, Qandahor-u Kobulga qaytib ketgaymizmi?
— Yo‘q! — dedi Akbar va ikki bekning tortishuvini o‘zi hal qilolmasligini sezib, Bayramxondan iltimos qildi: — Xonbobo, durustroq bir joydan qarorgohga o‘rin tanlaylik. To‘xtab, kechqurun beklarni mashvaratga chorlaylik.
Turdibek otiga qayta minib, Akbarning orqarog‘ida bora boshladi. Otaliq huquqi bo‘yicha Bayramxon yosh podshohning o‘ng tomonida yurardi. Turdibek Humoyunning yaqin maslahatchisi bo‘lgani uchun qa¬ror¬gohga o‘rin tanlashda Akbarga ham maslahat berishga intilib, Jamna bo‘yidagi ko‘kalam adirlarni ko‘rsatdi:
— Suv yaqin, atrofi ochiq, bag‘ri keng joy, — dedi.
Akbar Bayramxonga savol nazari bilan qaradi. Didi ham, fe’li ham Turdibeknikidan boshqacha bo‘lgan Bayramxon:
— Panipat yaqinida Bobur hazratlari bundan o‘ttiz yil oldin qarorgoh qilgan joy bor, — dedi. — Hozir biz uchun ham eng qulay makon o‘sha joy bo‘lg‘ay...
Ikki bek yana bahslashmasligi uchun Akbar darhol Bayramxonning gapiga qo‘shildi:
— Hazrat bobom tanlagan joy biz uchun ham tabarrukdir.
Bir tomoni daryo, ikkinchi tomoni qo‘shin o‘tolmaydigan o‘rmon bo‘lgan bu past-baland ko‘kalamzor adirlar qarorgoh uchun chindan ham qulay edi. Chodir va o‘tovlar o‘rnatilguncha Akbar bilan Bay¬ram¬xon qarorgoh atroflarini aylanib ko‘rdilar. Ibrohim Lodining yuz ming qo‘shini o‘shanda Dehli tomondan qanday tahdid solib chiqib kelganini Bayramxon Akbarga aytib berdi. Harbiy fillarga qarshi qazilgan va usti shox-shabba bilan bekitib qo‘yilgan katta-katta chuqurlar bor edi. O‘ttiz yilda ularning anchasi tuproqqa to‘lib, sayozlashib qolgan, ichlari va atroflarida o‘t-o‘lanlar o‘sib yotar edi.
— Zarur bo‘lsa bu chuqurlarni qaytadan qazitmoq mumkin, — dedi Bayramxon. — Amirzodam, endi Dehliga borishdan ko‘ra yog‘iyni mana shunday o‘zimizga qulay bir joyda poylaganimiz ma’qul.
O‘rmon ichidan qushlarning sayrashi va maymunlarning qiy-chuv qilganlari eshitilib turardi. Chap tomondagi Jamnada qayiqlar va kemalar osoyishta suzib ketyapti. Olam shunday osuda ko‘rinar, tabiat ulug‘vor bir vazminlik bilan atrofni o‘rab turar, ammo Bayramxon bilan Akbarning dillari bezovta. Humo¬yun¬ning o‘limi bilan boshlangan xavf-xatarlar tobora ko‘payib boryapti. Himolay tog‘larining etaklaridagi Manketda payt poylab, kuch yig‘ib yotgan eski yovlari Iskandarshoh yana Laxo‘rni qaytib olish harakatiga tushdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:25:25
Janubdan Odilshoh va Hemuday zo‘r yov bostirib kelsa, bular ikki qudratli dushman orasidan qanday chiqib ketisharkin?
— Shuning ustiga Turdibek bugungidek beboshlik qilaversa, har narsada menga qarshi so‘zlab, birinchilikni talashsa, qo‘shinda ichki parokandalik boshlangay, amirzodam! — dedi Bayramxon Akbar bilan o‘rmon chetida yakkama-yakka turganda. — Men bu odamning badfe’lligini azaldan bilurmen. Mudom o‘tmishdagi xizmatlarini pesh qilur. Xizmati, sadoqati yo‘q emas. Ammo fe’li yomon, mumsik odam. Umar¬qutda otangiz Turdibekdan ikki lak oltin qarz so‘ragan ekanlar. Shunda Turdibek sudxo‘rga o‘xshab yuzga yuz yigirma rupiy qaytarish sharti bilan qarz bergan. Otangiz uning shu ikki lak oltinini to‘rt yildan so‘ng Qandahorda uch lak qilib qaytarganlarini ko‘rganmen. Otangiz rahmatli halol bo‘lgilari kelib, yumshoqlik qilar edilar. Turdibek unga sayin o‘zini katta olib, kalondimog‘likka o‘rgangan edi. Ammo hozir vaziyat tahlikali, yumshoqlik qilsak, ichki parokandalik avjlangay, tashqi dushmanlar oldida zaiflashib halok bo‘lgaymiz. Shuning uchun sizdan ham qat’iyat lozim.
— Xonbobo, otam o‘rnida endi siz qoldingiz. Hozir mening sizdan boshqa rahnamom yo‘q... Turdibek bilan biron... murosa yo‘lini topaylik.
— Murosa?! — ranjib so‘radi Bayramxon. — Amirzodam, unga jazo bermoq lozim!
Soqoli oppoq Turdibekka jazo berish Akbarga behad mushkul tuyuldi. Turdibekning jiyani Mohim  Akbarni emizgan enagalaridan biri. Turdibekning bosh¬qa nufuzli qarindoshlari ko‘p, unga jazo berilsa hammasi arazlab ketishi mumkin.
— Ammo ular: «Kobulga qaytmog‘imiz kerak, hazratimning o‘limi tufayli Hindistonni boy berdik» deyayotgan emishlar. Lekin amirzodam, sizning kindik qoningiz hind tuprog‘iga to‘kilgan. Endi bu tuproqqa otangiz qo‘yildi. Shu ikki sababdan Hindiston siz uchun muqaddas vatandir. Bu vatanni tashlab ketmoqchi bo‘lganlarga qat’iy zarba berilmog‘i lozim. Bu ishni men qilay. Siz daryo bo‘ylarini sayr qiling. Balki ovda ko‘nglingiz taskin topar?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:25:36
Akbarning o‘zi ham yoshi ulug‘ beklarning bugun¬gidaqa bahs-u janjallariga aralashishni istamas edi. Shuning uchun ko‘kaldoshlari va qo‘riqchi yigitlari bilan otlanib o‘rmonga sayr qilgani ketdi.
Kechki payt sayrdan qarorgohga qaytsa, Turdibek qarindoshlari bilan turadigan chodirlar orasidan yig‘i-sig‘i tovushlari eshitilyapti.
Akbar o‘sha chodirlarga shitob bilan yaqinlashganda Mohim enaga yoshli ko‘zlar bilan uning qarshisiga chopib chiqdi.
— Amirzodam, men sizga oq sut bergan edim! Nahotki tag‘oyimni siz o‘limga buyurgan bo‘lsangiz?!
Akbar «o‘lim» so‘zidan cho‘chib tushdi:
— Turdibekni? Men buyurgan emasmen! Ne bo‘ldi?
— Zolim Bayramxon... chodirda... Turdibek tag‘oyimni o‘ldirib qo‘ydi!
Akbarning ishongisi kelmay:
— Yo‘g‘-e! — dedi. — Hibs qilgandir?
U otining boshini qo‘yib, o‘z xirgohi tomon shoshildi. Akbar tezroq xonboboga uchrab, falokatning oldini olgisi kelar edi. U xirgoh oldida ranglari oqargan Bayramxonni ko‘rdi-yu:
— Xonbobo, Turdibek tirikmi? — deb so‘radi.
Yuz bergan baxtsizlikdan o‘zi ham iztirob cheka¬yotgan Bayramxon past tovush bilan:
— Amirzodam, ichkariga kiraylik, — dedi va Akbarga yo‘l berib, uning ketidan xirgohga kirdi: — Ishoning, men uni sizdan bemaslahat o‘limga hukm etgan emasmen. Dehlini yog‘iyga tashlab kelgani uchun hibs qildirmoqchi bo‘ldim. Chodirga chaqirib: «Qurolni topshiring!» desam: «Hali sen rofiziy keksayganimda meni xor qilmoqchimisan?!» deb so‘kindi-yu, belidagi xanjarini sug‘urib menga tashlandi. Jamol degan yigitim yonimda turgan edi. Turdibekni qo‘lidan tutib qolmoqchi bo‘ldi, lekin Turdibek uni itarib tashladi. Mening biqinimga tig‘ sanchmoqchi bo‘lganda qo‘riqchi yigitim uning ko‘kragiga xanjar urdi...
— O‘ldimi?.. Nahotki!.. Axir... Xonbobo!.. Otamning o‘limi bizga ozmidi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:25:50
— O‘zi hujum qilmasa hech kim uni o‘ldirmas edi!..
— Enagamning tog‘asi... urug‘-aymog‘i ko‘p! Hammasi endi yovlashgay. Tashqarida yog‘iy, ichkarida bu!..
O‘spirin Akbarning shuncha narsalarga aqli yeta¬yotganidan xiyol taajjublangan Bayramxon:
— Rost, — dedi, — bo‘sh kelsak, ichki urush boshlanmog‘i mumkin. Yo siz men tomonda mardona turib, bor kuchlarni bir irodaga bo‘ysundirgaysiz. Yo enaga-yu boshqalarning ko‘ngliga qarab, hammani o‘z holiga qo‘yib bergaysiz, istagan odam otalig‘ingizni yana «rofiziy» deb so‘kkay, ichki intizom yo‘qolgay, keyin tashqi dushman ham bizni osongina yenggay. Shu ikki yo‘ldan birini tanlamog‘ingiz kerak!
Bayramxonning qat’iyat bilan yongan ko‘zlari Akbarning yodiga bultur Sirhinddagi shiddatli jang paytlarini eslatdi.
Iskandarshohning o‘ng qanotidagi otliqlarini orqaga qaytarish va chekinayotgan fillariga toptatish zarur bo‘ldi. Bosh sarkarda Bayramxon bu mushkul ishni xossa tobinda* turgan amir Muzaffar Loxaniga va uning qo‘l ostidagi ikki ming afg‘on yigitiga topshirdi. Amir Muzaffar yovning o‘ng qanotidagi kuchlari ikki barobar ko‘p ekanini ko‘rdi. Ularni orqaga qaytarishiga ko‘zi yetmadi. Ortdan chekinib kelayotgan fillar toptab tashlashidan qo‘rqdi va Bayramxonning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortdi. Bahslashib o‘ltiradigan payt emas edi. Agar yovning o‘ng qanotiga vaqtida zarba berilmasa Iskandarshoh g‘olib kelishi mumkin edi. Bunday paytda bosh sarkardaning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortish xiyonat hisoblanardi. Bayramxon amir Muzaffarga shuni aytib, buyruqni yana bir takrorladi, ammo o‘jar afg‘on amiri Muzaffarxon buyruqni bajarib bo‘lmasligini aytdi. Bayramxon yonidagi turkman yigitlariga buyurib, Muzaffarning qo‘lini bog‘latdirdi, so‘ng saf-saf turgan yigitlarining ko‘zi oldida buyruqni bajarishdan bosh tortgani, shu bilan dushmanga yordam bergani uchun boshini shart kestirdi.
Afg‘on amirlari orasida Muzaffarni yomon ko‘ra¬digan, u bilan doim munozara qiladigan boshqa bir dovyurak bek bor edi. Bayramxon darhol o‘shani ikki ming otliqqa sarkarda etib tayinladi-yu, topshiriqni zudlik bilan bajarishga farmon berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:26:03
Bayramxon bilan hazillashib bo‘lmasligini, uning buyrug‘idan bo‘yin tovlash nima bilan tugashini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan afg‘on yigitlari yovning o‘ng qanotiga jon-jahdlari bilan hamla qildilar. Bu hamla Bayramxon kutganday yaxshi natija berdi, yovning piyodalari o‘z otliqlari va fillari orasiga tushib qolib, oyoqosti bo‘ldi. Iskandarshohning harbiy fillari chekinish paytida o‘z piyodalarining anchasini toptab tashladi. Oxirida bu fillardan to‘rt yuztasi o‘lja olindi. Jang tugagandan keyin Muzaffar Lohanining o‘g‘illari va qarindoshlari Bayramxonning ustidan Humoyunga shikoyat qildilar. Humoyun Bayramxonning qiziqqonligidan xafa bo‘ldi, «hibs qilish mumkin edi-ku!»deb koyindi. Lekin bo‘lar ish bo‘lgan, Bayramxon katta zafar keltirgan edi. Humoyun uni kechirdi, Muzaffar Loxanining yaqinlari esa arazlashib, Gujarat tomonga ketib qolishdi. Ular o‘zlarini Bayramxonning xundor dushmanlari deb e’lon qilganlarini Akbar eshitgan edi. Endi buning ustiga Turdibekning yaqinlari Bayramxon bilan yovlashsa...
— Xonbobo, siz meni qanotingiz ostida olib yuribsiz. Men buni unutmaymen. Maslahat bering, ne qilay?
Bayramxon xirgoh to‘rida mo‘tabar joyda turgan «Boburnoma»ni ko‘rsatdi:
— Ulug‘ bobongizning kitobidan madad so‘rang. Otalari o‘lganda bobongiz ham yosh — hali o‘n ikkiga to‘lmagan ekanlar. Ustozlari andijonlik Xo‘ja Abdullaning oqilona o‘gitlari bilan yog‘iylar halqasidan omon chiqqan ekanlar.
Akbar kechasi allamahalgacha «Boburnomani» varaqladi...
Uzoq Sirdaryo bo‘yida, Akbar hali ko‘rmagan Andijon-u Axsida yosh Boburning Samarqand-u Tosh¬kent tomondan bostirib kelgan dushman qo‘shinlari orasida qolgani qaysi bir jihatlari bilan Akbarning hozirgi ahvolini eslata boshladi. Bobosi ham o‘z yoshiga nomunosib murakkab ziddiyatlarga duch kelgan, lekin ularning orasidan yo‘l topib o‘tib, mana shu Panipatda o‘z qo‘shinidan sakkiz barobar ko‘p yovlarni yengib chiqqan ekan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:26:31
Akbar Bayramxonni bobosinnig ustozi Xo‘ja Abdulla o‘rnida ko‘rdi...
Ertasi kuni Turdibek o‘rmon ichidagi baland bir yalanglikka dafn etilganda Akbar marhumning qarin¬doshlari yonida turib, uning tobutini ko‘tarishdi, keyin Mohim enagasining chodiriga kirib, undan ko‘ngil so‘rab chiqdi. Turdibek oladigan kattagina ulufa endi uning oilasiga nafaqa tarzida umrbod berib turilishi ko‘pchilik oldida e’lon qilindi.
Akbarning bu ishlari Turdibekning ba’zi qarin¬dosh¬larini sal yumshatgan bo‘lsa, ba’zilari, aksincha, battar havo boylab, Bayramxonni qotillikda ayblay boshlashdi. Pirmuhammad degan bek mashvaratda yana Bayramxonni ayblamoqchi bo‘lganda, Akbar uning so‘zini kesdi:
— Janobi Pirmuhammad, biz Turdibekning avvalgi xizmatlarini tan olurmiz! Ammo Turdibek Dehlini boy bergani ustiga yana otalig‘imizni haqorat qilibdir, tig‘ yalang‘ochlabdir. Oqibatda, o‘zi halok bo‘lmish¬dir. Musibat chekdik, dafn etdik. Endi bas! Xonbobo biz uchun hazrat otamizdek aziz-u mo‘tabardirlar.
Akbar o‘z yoshiga yarashmaydigan bu jiddiy so‘zlarni kechasi bilan xayolida o‘ylab pishitib kelgan edi. Hayot uni yoshiga nomunosib murakkab ishkal¬liklarga duch keltirgani sari Bayramxondan boshqa suyanadigan tog‘i qolmaganini sezardi.
— Janob beklar, kimki otalig‘imizning sha’niga yomon so‘z aytsa, bizga qarshi chiqqan kabi jazolanur. Yog‘iy yaqin. Shu vaziyatda kimki xonboboning buyrug‘ini bajarmasa, bizning buyrug‘imizdan bosh tortgan hisoblanur. Sarkashlik — yog‘iyga yordam berur, bizga xiyonat bo‘lur. Xoin esa ayovsiz yosoqqa* yetkazilur.
Akbarning bu gaplari asosida maxsus qadag‘a* chiqarildi va qarorgohdagi o‘ng besh ming bek-u navkarlarning hammasiga o‘qib eshittirildi.
Shundan keyin Bayramxondan norozi bo‘lib yurganlar ham alamlarini ichlariga yutib, uning irodasiga bo‘ysunishga majbur bo‘ldilar.
Bu orada Odilshoh va Hemu Akbarning qo‘shini¬dan uch barobar katta lashkar bilan Dehli tomondan yaqinlashib kelib qoldi. Hemu fil jangiga juda mohir edi, uning mingdan ortiq harbiy fillari jangga kirganda yer larzaga kelardi.
Umrida ko‘rgan eng xatarli janggi endi bo‘lishini sezgan Akbar tong otmasdan uyg‘onib ketdi. Tahorat olib namoz o‘qidi, joynamoz ustida o‘ltirib Alloh-u taolodan najot so‘radi. So‘ng sandiqni sekin ochib, uning tubida ipak matoga avaylab o‘ralganicha turgan sehrli qilichni oldi. Sohibqiron Amir Temurning bu qilichini otasi Dehlida unga in’om qilganda aytgan so‘zlari qulog‘iga qayta eshitilib ketganday bo‘ldi. Akbar qilichni qinidan asta sug‘urib, olmos harflar bilan bitilgan «Rosti-rusti» degan yozuvini ixlos bilan o‘par ekan, ota-bobolari ruhiga doim sodiq ekanini, ular qurib ketgan ulug‘ davlatni saqlab qolish uchun jonini ham ayamasligini dil-dilidan his qildi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:26:44
G‘o‘s nog‘oralar tahdid solib gumburlay boshladi. Burg‘u deb ataladigan ovozi o‘tkir karnayning tah¬likali chinqirig‘i ostida o‘ng besh ming qo‘shin, to‘rt yuz harbiy fil keng maydonda saflandi.
Oq ot mingan, zerhli kiyim kiygan Akbar beliga Sohibqiron bobosining qilichini taqib chiqdi. Bayram¬xon uzoqdan ko‘zga tashlanadigan chavkar otda. Akbar bilan ikkovi saflarni ko‘zdan kechirdilar. So‘ng barcha saflar yaxshi ko‘rinadigan balandlikda otlarini to‘xtatdilar.
— Qadrdon bek-u navkarlar! — deb Bayramxon baland, jarangdor tovush bilan saflarga murojaat qildi, she’r o‘qiganda bo‘ladigan bir jo‘shqinlik bilan so‘zlarni dona-dona talaffuz qilib so‘zlay boshladi: — Biz siz bilan ko‘p janglarni ko‘rganmiz. Bultur Sirhind yaqinida o‘zimizdan to‘rt barobar katta qo‘shinini yengib chiqqanmiz. Odilshoh bilan Hemuni yengil¬mas botirlar deb vahima qiluvchilar bor. Ammo men ularning ikkovini ham yaxshi bilurmen. Odilshohning asli oti Muborizxon. Men uni Sherxon dargohida asir bo‘lib yurganimda ko‘rganmen. Yuzi, qiliqlari menga chiyabo‘rini eslatardi. Keyingi qilgan ishlari uning chiyabo‘ridan ham battarroq ekanini ko‘rsatdi. Taxt Islomshohning o‘smir o‘g‘li Feruz¬shohniki edi. Lekin uning noinsof amakisi Muboriz-xon bu norasida yigitni bo‘g‘ib o‘ldirib, uning o‘rniga taxtga chiqdi. Yana uyalmasdan «Odilshoh» degan yangi nom oldi. Og‘zi qon bo‘ri beozor ohu¬ning terisini yopinib, Odilshohga aylanganiga qarang!
Saflarda kulgu tovushlari eshitildi. Jangchilarning ruhi ko‘tarilayotganidan ilhomlangan Bayramxonning ovozi yanada kuchli jarangladi:
— Men Hemuni ham ko‘rganmen. Bu puldor odam ocharchilik paytida bozorlarda bor donlarni sotib olib omborga bosadi, pulga bug‘doy topilmay qoladi, qahatchilik boshlanadi. Ana shunda Hemu omborlaridagi donlarini o‘ng barobar ortiqcha narxda sotib, behisob boylik orttiradi. Bu boyliklar uni Odilshohday qotil bilan hamtovoq qiladi. Ming-ming odamlarni ochdan o‘ldirib qotillik bilan davron sura¬yotgan bu ikkovi xudoning g‘azabiga munosib emasmi? Qani, sizlar, rajput jangchilari aytinglar-chi? — deb Bayramxon filbon La’l Chandga yuzlandi.
— Siz haqsiz, Janobi Xoni xonon! — dedi fil ustida o‘ltirgan La’l Chand. — Hemu menga yurtdosh bo‘lsa ham, bugun men unga qarshi jangga chiqmoq¬chimen. Uning Odilshohday nomard odamga xizmat qilishi bejiz emas. Bu noinsof savdogar tufayli boshlangan qahatchilikda ming-ming odamlar ochdan o‘lmoqda. Ana shu begunoh  o‘lganlarning qarg‘ishi urgay Hemuni! Jannatmakon Humoyun podshoh ha¬yotligida Panjob-u Dehlining aholisiga shimoldan don tashitib, yuz minglab odamlarni ochlik changalidan qutqargan edilar. Agar g‘alaba Akbarshohga nasib etsa, otalarining shu xayrli ishlarini davom ettirgaylar deb umid qilurmiz!
— Omin, shu umidingiz ro‘yobga chiqsin! — dedi Akbar.
Barcha saflardan:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:26:58
— Omin Allohu akbar!
— ...Allohu akbar! — degan tovushlar ketma-ket gulduros solib yangradi.
Bayramxon bir vaqtlar Bobur Panipatda yaxshi tadbiq etgan to‘lg‘ama usulini ishlatmoqchi edi. Faqat Hemu Ibrohim Lodining o‘shandagi achchiq tajribasidan saboq olsa, yo‘lni boshqa yoqdan solib, yon tomonlardan o‘tishi mumkinligi uni xavotirlantirdi.
Yo‘q, umrining ko‘p qismi don savdosi bilan o‘tgan Hemu o‘tmishda bo‘lgan jang saboqlaridan mutlaqo bexabar ekan. U ham Ibrohim Lodiga o‘xshab qo‘shinini to‘g‘ridan boshlab keldi. O‘zi hammaga ko‘rinadigan tepalikda ulkan qora fil ustida o‘ltirib jangni boshqara boshladi. U Akbar va Bayramxon turgan tepalikni allaqachon mo‘ljalga olgan, eng zo‘r harbiy fillarini to‘lqin-to‘lqin qilib, ana shu tepalikka tomon jo‘nata boshladi. Akbarning nazarida, yov fillari yer tagidan qaynab chiqayotganga o‘xshar, qanchasi zambarak o‘qiga uchib, chuqur xandoqlarga qulab yiqilsa, undan ham ko‘prog‘i orqadan balo-qazoday bostirib kelardi.
Bayramxon bilan Akbarning endigi umidi to‘lg‘a¬maga ajratilgan chavandozlardan va La’l Chand boshliq bo‘lgan o‘z filbonlaridan edi. Akbar himoyasida turgan uch yuz zambarak va to‘rt yuz harbiy fil Hemu qo‘shinlarining shiddatli hujumini ancha vaqt to‘xtatib turdi. Shu fursatdan foydalangan uch ming chavandoz Aliqulixon O‘zbek boshchiligida Hemu qo‘shinining ikki qanotini aylanib o‘tdi. Bu qo‘shin safida Qilichxon Andijoniy, Chig‘atoyxon Toshkan¬diy, Iskandarxon Qipchoq, Abdullaxon Barlos kabi eng botir amir va navkarlar Hemu turgan tepalikni qo‘riqlayotgan askarlar safini orqa tomondan yorib o‘tdilar. Ularning orasida ellikta mergan bor edi. Shular Hemu turgan joyga yaqin borib, uning ustiga o‘q yog‘dirdilar. Bu o‘qlar Hemuni og‘ir yarador qildi. Uni behush ahvolda asir oldilar.
Buni narigi tepalikda turib ko‘rgan Odilshoh jon holatda qochishga tushdi. Sarkardalaridan ayrilgan qo‘shin to‘zg‘ib ketdi.
Bayramxon otini Akbarning otiga baqamti keltirib:
— G‘alaba muborak, amirzodam! — dedi-da, Shahzodani bag‘riga bosdi.
O‘sha kuni Aliqulixonga mo‘tabar xoni zamon unvoni berildi. Bayramxon esa barcha vazir-u umarolardan balandroq turadigan vakili saltanat martabasiga ko‘tarildi.

___________
* Ch i g‘ d o v u l — razvedkachi.
* X o s s a  t o b i n —  maxsus rezerv.
* Yo s o q — o‘lim jazosi.
* Q a d a g‘ a — murojaatnoma.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:27:30
*  *  *

Hind vodiylaridan yil bo‘yi bahor yashilligi ketmagani kabi yil bo‘yi daraxtlar tagidan za’faron yaproqlar ham arimaydi. Barglar tabiat qonuni bo‘yicha yangilanib boradi, eskilari esa oy sayin sarg‘ayib asta-sekin to‘kilib turadi.
Qora kiygan azador Hamida begim Akbarning qo‘liga suyanib Humoyunning qabri tomon majolsiz yurib boradi. Hamal kirib, gulmohur daraxtlari yana barcha yaproqlarini birvarakay to‘kkan-u bargsiz shoxlari g‘uj-g‘uj qizil gullar bilan bezangan. Ammo boshi egik Hamida begimning ko‘zlari yuqoridagi gullarga emas, daraxt tagini bosgan xazonlarga tushadi. Dunyodagi eng suyukli kishisidan ayrilgani, o‘ttiz ikki yoshida beva qolgani uning butun vujudini sarg‘aygan xazonga aylantirib qo‘yganday tuyuladi. Qabr atrofidagi ko‘kalamzor maydon ham uning ko‘ziga qayg‘udan xazon bo‘lib qovjirab turganday ko‘rinadi. Bu qabrga tosh qo‘yishga ulgurganlari yo‘q. Faqat Humoyun o‘zi yoqtiradigan Xusrav Dehlaviy va Nizomiddin avliyo mozori yaqinidagi bag‘ri keng bir tekislikning atrofini o‘rab, ariq qazdirishgan, ko‘chatlar ektirishgan va bo‘lajak maqbara uchun joy hozirlashgan, xolos.
Bu judolik onasiga nechog‘li og‘ir tushishini Akbar bilardi. U Kobuldan kelayotgan onasini kutib olish uchun otda o‘n kun yo‘l yurib, Hind daryosining bo‘yigacha bordi. Kobul daryosi Hindga kelib quyiladigan Txatga atroflarida Hamida begimning daryodan o‘tishiga yordamlashadi. Poytaxt yana Agraga ko‘chgan bo‘lsa ham, Hamida begim Akbar bilan Dehlining Puran qal’asiga kelib tushdi.
Bayramxon Agradagi saroyda, Humoyunning devoniomi va xonayi xosida ish olib bormoqda. Agra¬dagi Zarafshon va Hasht Bihisht bog‘lariga o‘xshash oromgohlar Dehlida hali yo‘q. Buning ustiga, Hamida begim Dehlining Puran qal’asida turganda ko‘zi nuqul kutubxona binosiga va uning ichidagi tosh zinalarga tushar, bu hammasi uning dil yaralarini tirnab yangilar edi. Shuning uchun Akbar onasini Agraga olib ketmoqchi bo‘ldi:
— Endi siz bu bexosiyat Puran qal’ada turmang, onajon.
Akbar taxtga chiqqandan beri Hamida begim uni «siz»lab gapirardi:
— Yo‘q, o‘g‘lim, otangizning qoni to‘kilgan tosh zinalar ham men uchun muqaddas, men bu yerdan hech qayoqqa ketmagaymen.
— Agra uzoq emas-ku, tez-tez kelib qabrlarini ziyo¬rat qilib turgaymiz.
Hamida begim yig‘lab bosh chayqadi:
— Tirikliklarida birga yashagani qo‘ymadilar, nuqul bizni ayirdilar. Endi men otangizning qabrlaridan ayrilmagaymen. Mening abadiy makonim ham u kishining yonlarida bo‘lg‘ay.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:27:43
Bu dunyoda otangizni endi qayta ko‘rolmagaymen. Koshki men ham tezroq jon bersam-u narigi dunyoga borib, otangizni yana ko‘rsam!
Bu gaplardan Akbarning ham ko‘ngli buzilib, ko‘zlariga yosh keldi. Onasining musibatini yengil¬latadigan biron chora topmasa, undan ham ayrilib qolishi mumkinligini sezdi.
Intihosiz xotiralar ichidan Hamida bonu Akbarga otasining ma’naviy olamini ko‘rsatadigan eng yorqinlarini saralab hikoya qilib berardi. Tar sahrosi, Qandahor, Qazvin...
— Xudo rahmati Dehlida yetti oshiyonlik bino qurdirmoqchi edilar... Nasib qilmagan ekan...
— Onajon, o‘sha binoni biz qurdirsak-chi? Otamning xotiralariga munosib ulkan maqbara... yetti oshiyonlik binoday baland bo‘lsa.
Bu fikr Hamida bonuning musibat to‘la qalbiga taskin berishini Akbar sezdi. Uning kitoblari saqlana¬digan sandig‘i ichida Samarqanddagi Amir Temur, Hirotdagi Gavharshod begim, G‘aznadagi Mahmud G‘aznaviy, Mashhaddagi Imom Rizo va boshqa eng mashhur maqbaralar tasviri to‘plangan muraqqas* bor edi. Akbar kitobdorga buyurib, shu muraqqasni toptirdi-yu, onasi bilan birga uni varaqlab ko‘rdi. Qo‘liga qog‘oz, qalam oldi. Musavvirlik va me’morlikdan xabari bor, Xo‘ja Abdusamaddan olgan saboqlari yodida. U Dehlidagi Mirzo Humoyun maqbarasini qanday tasavvur etishini onasiga chizib ko‘rsatdi. Bulutlar bilan bo‘ylashadigan muhtasham gumbaz. Yetti qavat uy balandligidagi peshtoqlar... Akbar chizgan rasm hali juda xom bo‘lsa ham, Hamida bonu uning jo‘shqin niyatini chiziqlar yordamida ko‘z oldiga keltira boshladi:
— Bino buncha ulkan bo‘lsa, atrofidagi bog‘i ham o‘ziga yarasha katta bo‘lgani durust. Ichkari, tashqi hovlilari, suv jildirab oqadigan ariqlari, qator turgan daraxtlari...
— Hammasi bo‘lg‘ay, onajon! Ertagayoq Dehlining eng mashhur me’mori mirzo Mirakni huzuringizga taklif etgaymiz.
Akbar onasini g‘am-g‘ussadan alahsitadigan shunday katta ish topilganidan mamnun edi. Ertasi kuni ona-bola o‘ltirgan qabulxonaga mirzo Mirak ta’zim qilib kirdi. Alg‘ov-dalg‘ov zamonlarda qurilishlar taqqa to‘xtagani uchun qo‘lyozmalar ko‘chirib, hattotlik qilib kun ko‘radigan mirzo Mirak ko‘p o‘ltirib ishlashdan yelkalari bukchayib qolgan qirq besh yoshlardagi kishi edi.
— Hazrat begim, amirzodam, tangrim meni shunday kunga yetkazgani uchun shukronalar ayturmen! Bu yaxshi niyatlaringiz meni tole mujdasidek shod qildi!
Me’mor Akbar chizgan xomaki suratga ko‘z tashlar ekan:
— Tasanno, amirzodam! — dedi. — Faqat ijozat bo‘lsa bitta mulohazamni aytsam...
— Marhamat, mavlono.
— Bu rasmda siz maqbara devorini to‘g‘ri yer yuzasidan ko‘taribsiz. Samarqand-u Hirotda shunday qilish mumkin. Chunki u yoqlarda yer osti suvlari uncha yaqin emas. Amir Temur dahmasi ham yer ostiga qurilgan. Ammo Dehlida yomg‘irlar ko‘p bo‘l¬gay, yer osti suvlari yuqori ko‘tarilib, dahmaga kirmasin uchun, uni balandroq joyga o‘rnatmoq darkor. O‘shanda maqbara sahni yerdan besh-olti gaz baland turgay.
— Demak, maqbara bundan ham yuksakroq ko‘tarilgay, shundoqmi? — so‘radi begim.
— Ayni shunday.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:27:56
— Qancha baland bo‘lsa shuncha yaxshi, — dedi Akbar. — Dehlining eng ulug‘ obidasi shu bo‘lmog‘i kerak!
— Ammo xarajati ham shunga yarasha behad ulkan bo‘lg‘ay, amirzodam, — dedi me’mor. Butun davlat ishlari, shu jumladan, xazinaning ixtiyori ham Bayramxonda ekanini u yaxshi bilardi: — Otaliq janoblarining bu rejadan xabarlari bormi?
Akbar yalt etib onasiga qaradi, Bayramxon hamma ishda o‘ta talabchan bo‘lgani kabi, sarf-u xarajatlarni ham qattiq tergab turar, hatto, Akbar va Hamida bonuning kundalik sarflari uchun ketadigan mablag‘ ham xonboboning imzosi bo‘lmasa berilmas edi. Akbar Panipatda hammani, hatto, o‘zini ham otalig‘i¬ning irodasiga bo‘ysundirgandan beri hanuz o‘sha yakka hokimlik davom etmoqda edi. Jome masjidla¬rida har juma kuni Akbarning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilsa ham, aslida, oliy hukmron Bayramxon edi.
— Janob me’mor, siz avval maqbaraning tarhini chizing, — dedi Akbar. — Uni qurish uchun taxminan qancha mablag‘, qancha korgar-u hunarpesha kerakligini bizga yozib bering.
— Bosh ustiga, amirzodam! Ammo hisob-kitob ishlari uchun maxsus odam yollamasam, o‘zim uddalay olmasmen. Xomaki tarhini chizish uchun ham ko‘p vaqt ketgay.
Akbar me’morning ozg‘in yuzi va eskirgan kiyimlariga qarab, uning o‘zi ham yordamga muhtoj ekanini sezdi. Ichkari xonaga kirib, o‘zining shaxsiy xarajatlari uchun xazinadan olgan bir hamyon oltinni olib chiqdi-da, me’morga choshna* tarzida berdi.

____________
* M u r a q q a s — albom.
* Ch o sh n a — avans.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:28:18
*  *  *

Oradan ancha vaqt o‘tib, bo‘lajak maqbaraning sarf-u xarajatiga oid hisob-kitob tayyor bo‘lganda Bayramxon o‘zi Agradan Dehliga kelib qoldi.
Uning soqol-mo‘ylovi silliq tarashlangan, yoshi ellik yettida bo‘lsa ham yigitlarday bashang kiyingan, kayfiyati yaxshi edi. Bayramxon burnog‘i yili Mevar hokimi Jamolxon degan amirning o‘n yetti yoshli qiziga uylangan, yaqinda bu yosh xotindan o‘g‘il ko‘rgan, unga Abdurahim deb ism qo‘ygan edi.
Akbar bilan Hamida bonu xonboboni Puran qal’aning mehmonxonasida kutib olib, oldiga dastur¬xon yozdilar.
Humoyunning yil oshisini berganlaridan so‘ng Hamida begim qora kiyimlarini tashlagan, hozir havorang qabo kiyib, boshiga ko‘k hoshiyali oq  qasaba ro‘mol o‘ragan edi.
— O‘g‘il ko‘ribsiz, janobi otaliq, — dedi Hamida begim. — Muborak bo‘lsin!
— Qulluq, hazrat begim. Bizga ne xizmatlar bor? Bilgali keldim.
— Biz amirzodam ikkalamiz hazratimning maqbarasi uchun tarh chizdirgan edik. Me’mor mirzo Mirak hozir qabulxonada. Siz ham bir ko‘rsangiz.
— Bajonidil.
Mirzo Mirak Bayramxonga alohida, Akbar bilan Hamida begimga alohida ta’zim bajo keltirgach, jildga solingan loyihani miz ustiga qo‘yib ochdi.
Rangli qilib ishlangan maqbara tarhi bir qarashda Bayramxonga ham yoqdi.
— Hazratimning ulug‘ xotiralariga munosib! — dedi u. Biroq me’mordan sarf-u xarajati qanaqa bo‘lishini so‘rab bilgan sari qoshi chimirilib, avzoyi o‘zgara boshladi: — Janob me’mor, bu binoga davlatimizning bir yillik daromadi ham yetmagay-ku! Xazinada bor mablag‘ni qurilishga sarf qilsak, o‘ttiz ming qo‘shinga maoshni qayoqdan to‘lagaymiz? Qurol-yarog‘ni qaysi pulga olgaymiz?
— Otaliq janoblari, — dedi Hamida begim, — bu qurilish bir yilda bitmagay... Balki mening qolgan umrim shunga sarf bo‘lgay. Har yilgi davlat daromadlaridan bir qismini ajratsangiz bas...
Bayramxon begimning musibatli yuziga nazar tashladi-yu, sal yumshadi:
— Xo‘p, men rozi! — dedi. — Hozircha loyiha ishlari uchun mablag‘ topib bergaymen. Qurilishning o‘zi uchun kelgusi yili daromadlardan bir qismini ajratgaymiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:29:38
*  *  *

Hamida begim hayotining eng katta muammosi bo‘lib turgan maqbara qurilishiga Bayramxonning roziligini olganidan mamnun va muloyim bo‘lib qoldi. Bayramxon mana shu paytdan foydalanib, dilidagi nozik gaplarni unga aytishga chog‘landi. Ammo yosh yigit Akbarning oldida siri ochilishidan iymanganday taraddudga tushdi.
— Hazrat begim, — deb u o‘ng‘aysizlanib gap boshladi, — ko‘ngil odamni ne ko‘ylarga solishini boshqalar bilmasa ham siz yaxshi bilursiz. Yoshlikdagi bir dard menga umr bo‘yi azob berib yurganidan Humoyun hazratlari xabardor edilar. Dilimdagi armonni bilganlaridan so‘ng, «eski xatoni, albatta, tuzatgaymiz, agar Hindni xudo qayta nasib etsa, bizga qarindosh bo‘lgaysiz», degan edilar...
Akbar xonbobosini hech qachon hozirgiday o‘ng‘ay¬siz va uyatchan qiyofada ko‘rmagan edi. Uning soqol-mo‘yloviga va o‘siq qoshlariga tushgan oq tolalar ilgari o‘z yoshiga yarashgan kabi salobatli ko‘rinardi. Bugun Akbar uning soqol-mo‘ylovi yigitlarnikiday qop-qora ekanini ko‘rib taajjubga tushdi. Uning Hamida begimga aytayotgan gaplari ham g‘alati edi.
Lekin ko‘p nozik sirlardan xabardor Hamida begim Bayramxonning nima demoqchiligini darhol fahmladi-yu, dili alg‘ov-dalg‘ov bo‘la boshladi. Bay¬ramxon podshoh oilasiga qanday qilib qarindosh bo‘lmoqchiligi unga ma’lum...
Humoyunning jiyani Salima sulton begim bo‘y yetib qolgan, ota-onasi o‘lib ketgandan beri Hamida begim uni ona o‘rnida tarbiyalab o‘stirgan. Bugun Bayramxon Dehlining Puran qal’asiga kelganda o‘n besh yoshli Salima begimni uzoqdan ko‘rib, yuragi «jig‘» etib ketdi. Chunki Salima ulg‘aygan sari onasi Gulrang begimga ikki tomchi suvday o‘xshaydigan go‘zal qiz bo‘lib bormoqda edi. Bayramxon yigit paytida Gulrang begimni qattiq sevganligi, qiz ham unga moyil bo‘lganligi, lekin taqdirlari qo‘shilmay, ikkovi ham dog‘da qolganlari Hamida begimga ma’lum edi. Qandahorda Xonzoda begim Bayram-xon¬ning Humoyunga qilgan yaxshiliklaridan behad mamnun bo‘lgan paytlarida: «Yana bitta qizim bo‘lsa Bayramxonni o‘zim kuyov qilar edim!» degan so‘zlari ham begimning yodida qolgan.
Keyinchalik Bayramxon Kobulda Salima begimni onasiga juda o‘xshab qolgan paytida ko‘rdi-yu, yuragida hali so‘nmagan o‘sha yoshlik mehri qayta alanga olganday bo‘ldi.
O‘rta bog‘da Akbar bilan kelin-kuyov o‘ynab o‘sgan Salima hazrat tog‘asining eng ishongan do‘sti Bayramxondan ko‘pda tortinmas edi. Bayramxonning katta xotinidan tug‘ilgan o‘g‘illari uylangan, o‘zining o‘siq soqol-mo‘yloviga oq tushgan. Shuning uchun Salima ham uni Akbarga o‘xshab: «Xonbobo», deb atar edi. Bayramxon Salimani O‘rta Bog‘dagi shiyponda o‘n uch yoshida bir uchratdi-yu, gapga soldi. Gulrang begimga atab yozgan she’rlaridan Salimaga o‘qib berdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:29:54
Ey pari paykarki, umri jovidonimsen* mening,
To tirikmen, sendan ayrilmonki, jonimsen mening.

she’rni yaxshi ko‘radigan va o‘zi ham g‘azal mashq qila boshlagan Salima begim Bayramxonning bu haroratli baytidan astoydil zavq olgani uning parpirab yongan ko‘zlaridan bilindi. Shunda Bayram¬xon avvalgidan ham haroratliroq ovoz bilan yana bir bayt aytdi:

Yo‘q sencha kishi sevguluk el ichraki, yo‘qtur,
Sendek sevarim, xoh inon, xoh inonma.

Bayramxonning bu g‘azali kuyga solib aytiladigan mashhur ashulalardan ekanini Salima bilardi. Onasi Gulrang begimga atalgan bu satrlarni Bayramxon endi uning shoirtabiat qiziga tikilib aytganda, eski muhabbati go‘yo yangilandi-yu, el ichida endi unga Salima begimdan suyukliroq qiz yo‘qday tuyuldi.
Bayramxonday katta shoir bilan suhbatlashganidan xursand bo‘lgan Salima keyinroq payt topib unga o‘zining she’riy mashqlarini ko‘rsatdi. Qiz bolaning ishqiy she’rlar yozishi mutaassib odamlar tomonidan uyat sanalardi, shuning uchun Salima o‘z she’rlariga «Mahfiy» deb imzo chekar edi.
Salima bir vaqtlar Akbar bilan kelin-kuyov o‘ynab yurgan paytlaridan beri Akbarni bolalarcha bir mehr bilan yaxshi ko‘rardi. Uning ishqiy she’rlari Akbarga bag‘ishlangan, lekin buni hech kimga, shu jumladan, Bayramxonga ham aytmas edi.
Qizning she’rlaridagi bu yashirin olov Bayramxon¬ning unga bo‘lgan mehrini yanada alangalantirganday bo‘ldi. she’r bahonasi bilan ular bog‘da bir necha marta suhbatlashdilar.
Bayramxon Salimaga uylanish va podshoh oilasiga kuyov bo‘lish niyatini ko‘ngliga mahkam tukkan edi. Humoyun va’dasini bajarishga ulgurmay olamdan o‘tdi. Salimaning ham otasi, ham onasi o‘rnida Ha¬mida begim qoldi.
— Endi, hazrat begim... xudo bizni osuda kunlarga yetkazdi. Katta qurilishlar, orzu-havasli to‘ylar qiladigan paytlar keldi...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:30:39
Xonbobo bugun Salima begimga yosh ko‘ringisi kelib, soqol-mo‘ylovini bo‘yattirganini Hamida begim endi payqadi. Lekin uch kam oltmish yillik umr mashaqqatlari uning yuziga, peshonasiga, hatto, bo‘yin¬lariga chuqur ajinlar solib ketgan edi. Bo‘yalgan soqol-mo‘ylov bilan bu ajinlar bir-birini fosh qilishini Bayramxon o‘zi ham sezayotganday qimtinib, o‘n¬g‘ay¬sizlanardi. Xonboboni hech qachon bu ahvolda ko‘rmagan Akbar gap nimadaligiga tushunmay, goh unga, goh onasiga hayron bo‘lib qarardi. Hamida begim iztirob ichida qolganini sezgan Bayramxon uning biron sovuq gap aytib qo‘yishidan cho‘chidi va so‘zini tezroq tugatishga intildi:
— Qolgan gapni bugun oqshom shayx Gadoyi kelib aytgay, begim. Men Sherxon asirligidan qochib yurganimda bu shayx meni uyiga yashirib, naqd o‘limdan olib qolgan. Shuning uchun uni munosib ko‘rdim... Men o‘ttiz yil davomida shu xonadonga qilgan xizmatlarimni o‘zingiz bilursiz. Bizga shu ino¬yatni munosib ko‘rsalaringiz, men uchun eng oliy mukofot bo‘lg‘ay. Shu vaqtgacha qilgan xizmatlarim daryodan tomchi. Daryoning o‘zidek katta xizmatlarni qon-qarindosh bo‘lganimizda qilgaymen!
— Janob vakili saltanat! Hali dilimizdan qayg‘u arigani yo‘q. Shayx Gadoyi shoshmasinlar. Keyinroq...
— Qachon? — sabrsizlanib so‘radi Bayramxon.
— Yana uch-to‘rt oy o‘tsin.
Bir vaqtlar Qazvinda elchilik qilib yurgan kezlarida juda bardoshli va mulohazakor odam bo‘lgan Bayramxon keyingi yillarda xiyla o‘zgarib qolgan. Qandahorda o‘n yil hokim bo‘lgan va so‘nggi paytlarda Akbarni ham o‘z izmiga bo‘ysundirgan tojsiz podshoga aylangandan beri avvalgi sabr-bardoshi va mulohazakorligi uni go‘yo tark etgan. Hozir ham «uch-to‘rt oy» degan so‘zlardan ozorlanib:
— Hazrat begim, paysalga solinsa gap ko‘paygay!— dedi. — Mayli, bir hafta o‘tsin. Shayx Gadoyini kelgusi chorshanbada qabul qiling...
Akbar bu orada gap nimadaligini fahmlay boshlagan edi. U hozir onasining yonini olsa, gap battar chigallashishini sezgan Bayramxon:
— Amirzodam, — deb Akbarning xayolini boshqa yoqqa burdi, — siz mendan Panjob bilan Mankot viloyatiga borish uchun ijozat so‘ragan edingiz. Mana, yomg‘ir fasli tugadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:31:06
— Endi jo‘nasak bo‘lg‘aymi? — qiziqib so‘radi Akbar.
— Ha, Laxo‘rda atkangiz Shamsiddin Muhammad sizni kutib olg‘ay. U hozir Panjob hokimi. Mankot ham bizga xayrixoh viloyat. Bu yerdan mingta bek-u navkar Pirmuhammad atka boshchilig‘ida sizga hamroh bo‘lg‘ay. Shu hafta yo‘lga chiqmog‘ingiz mumkin. Barcha tayyorliklar ko‘rilgay.
Bayramxon Salima begimning Akbarga mehri borligini ishonchli odamlardan eshitgan edi. Endi sovchi keladigan nozik paytda Akbarni uzoqroqqa yuborib, qiz tufayli ikki oraga tushishi mumkin bo‘lgan nizoning oldini olmoqchi edi. Bayramxon o‘z niyatiga tezroq yetish uchun hamma narsani oldindan o‘ylab, astoydil tayyorlanib kelganini sezgan Hamida begim og‘ir va tahlikali tuyg‘ular girdobida qoldi.
— Onajon, men Mankotga ketsam, sizga qiyin bo‘lmagaymi? — deb so‘radi Akbar.
Hamida begim Salimani o‘ziga kelin qilmoqchi edi. Qiz ham shuni juda istaydi, Akbarga duch kelib qolsa, bo‘lajak kelinchakday uyalib qimtinadi. Akbar hali uylanish to‘g‘risida o‘ylamaydi. Lekin vaqt o‘tishi bilan u ham o‘zining Salimaga ko‘ngli borligini fahmlab qolishi mumkin.
Hamida begim hozir shuni Bayramxonga aytadigan bo‘lsa, qiziqqonli otaliq olovlanib ketishi aniq. Axir u Humoyunning va’dasiga orqa qilyapti. Bir vaqtlar Gulrang begimni unga bermaganlarining alamini unutolmay yuribdi.
Ikki orada nizo chiqsa, Akbar ayovsiz kurash girdobiga tortiladi-yu, hayoti xavf ostida qoladi.
Yo‘q, Hamida begim yolg‘iz o‘g‘lini bunday xavf-u xatardan uzoqroq tutmog‘i kerak. Akbarning o‘zi ham qachondan beri Mankot tomonlarga safar qilish orzusida yurardi. O‘g‘li hozir shuni istab turganini ko‘rgan Hamida begim:
— Mayli, Akbarjon, sizni sog‘inib qiynalsam ham, bardosh berurmen! — dedi.
Akbar safar ishtiyoqi va tayyorgarligiga berilib, Bayramxon bilan onasi orasida bo‘lib o‘tgan g‘alati va sirli gaplarning sababini uncha surishtirmadi. Lekin u jo‘naydigan kuni ertalab onasining xonayi xosiga xayrlashish uchun kirganida rangi so‘lg‘in, ko‘zlari yig‘idan qizargan Salima begimni ko‘rib qoldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:31:17
Akbar yarim yosh katta edi va qizga «sen» deb gapirardi:
— Ha, Salima, senga ne bo‘ldi?
Hamida begim «aytma» deganday  labini tishlab qaradi. Lekin Salima ichki tug‘yonini Akbardan yashirolmadi:
— Men ham sizdek... xonbobo deb... bobom o‘rnida ko‘rsam... nevarali odam menga oshiq bo‘lganmish!.. Uylanmoqchi  emish.
Akbar Bayramxonning o‘tgan kuni odatdan tashqari iymanib aytgan so‘zlarining ma’nosini va shayx Gadoyi kelishining sababini endi tushundi.
— Nahotki? Yo‘g‘-ey! Salima, balki xonbobo hazil qilgandir?..
— Hazil emish!.. Mana, xonbobo o‘zi menga arzi hol qilib yozgan she’ri.
Ikki yoshga iztirob bilan tikilib nima deyishini bilmay turgan Hamida begim ularning bir-biriga qanchalik munosibligini ko‘rib, yuragini  alam timdaladi. Akbar — mo‘ylabi ko‘zga tashlanib qolgan, durkun gavdali, jozibali yigit. Balog‘atga yetib, pushtirang baxmal nimchasining ko‘kraklari bo‘rtib turgan xipcha bel, nafosatga to‘la qiz Salima. Nahotki ularning taqdirlari qo‘shilmagan bo‘lsa?
Akbar oltin suvi yugurtirilgan ipak qog‘ozdagi satrlarga ko‘z yugurtirdi:

Hajringni xayol qilmoq mushkul,
Sendin talabi visol qilmoq mushkul.
Holimni senga arz qilsam deydurmen,
Ammo menga arzi hol qilmoq mushkul.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:31:31
Akbar Bayramxonning dastxatini tanirdi. she’rdagi rostgo‘ylik, haroratli qalbning dardi va shoir qala¬mi¬¬¬ning ta’sir kuchi uni o‘ziga rom qildi. Bayramxon yoshligida Gulrang begimga oshiq bo‘lib, yetisholmaganini Akbar ham bilardi. Salima onasiga juda o‘xsha-shini u ham eshitgan edi. O‘sha eski dard yangilanib otalig‘ini ne chog‘lik  mushkul ahvolga solib qo‘yganini uning o‘zi she’riy satrlarda rostgo‘ylik bilan aytgani Akbarni lol qoldirdi. Chindan ham, xonboboning yoshgina Salimadan visol talab qilishi juda mushkul, arzihol qilishi bundan ham mushkul, uning hajrida kuyishi esa hammasidan mushkulroq. Ko‘ngil kishini ne ko‘ylarga solishini Akbar o‘sha kuni xonbobo yosh yigitlarday iymanib gaplashganda ham ko‘rgan edi-ku.
— Endi ne qilurmiz? — deb Akbar onasiga qaradi.
Shu qiyin asnoda Hamida begim Humoyunning ruhiga suyandi:
— Hazrat otangiz va’da bergan ekanlar... o‘zingiz eshitdingiz, bolam.
Salima begim yig‘lab gapirdi:
— Hazrat tog‘am tirik bo‘lganlarida menga rahm qilmasmidilar? Axir men ham hazrati Boburning nevarasi emasmenmi? Bobomiz o‘z qizlarini  uch xotinli keksa beklarga berib, xor qilgan emas edilar-ku? Menga ham o‘zimga munosib yigit topilmagaymi?
she’r mashq qilib yurib dilidagini ravon aytishga o‘rgangan Salimaning bu gaplari Akbarni larzaga soldi. Unda ham birdan boburiylarga xos g‘urur, izzat-nafs uyg‘ondi.
— Biz hali shunchalik himoyasiz, notavon oila bo‘lib qoldikmi, onajon? Mening podsholigim qayoqda qoldi? Xonbobo tepamizga chiqib ketmoqda-ku! Uning katta o‘g‘li Mirzoxon hozir yigirma besh yoshda! o‘n to‘qqiz yoshli xotini Noziya bor! Yana Salimaga... Soqolini bo‘yab... axir bu...
Akbar bilan otalig‘ining orasi birdan darz ketganday bo‘ldi. Hamida begim buning oqibatidan qo‘rqdi.
— Bayramxon siz uchun ota o‘rnida-ya, Akbarjon! Zinhor unga qarshi gapirishga o‘rganmang! Ig‘vogarlar ko‘p, darrov yetkazgay!
— Yetkazsa, yetkazsin! — dedi Akbar. — Qo‘rqib, xor bo‘lib yashagandan, mardona olishib, o‘lgan yaxshi!
Hamida begim talpinib Akbarning oldiga bordi-yu, uning yelkasidan quchdi:
— Bolajonim, botirlar avlodidansiz, sizning sherdil yigit bo‘lishingizga ishonchim komil!  Faqat endi o‘n oltiga kirdingiz. Shoshilmang, bir-ikki yil kuch yig‘ing. Hech bo‘lmasa o‘n sakkizga kiring, davlatni o‘zingiz boshqaradigan bo‘ling. Biz buni sabr-bardosh bilan kutgaymiz!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:32:04
Akbar Salimaga savol nazari bilan qaradi. Qiz ham kuta olarmikan? Lekin Salima ixtiyori o‘zida emasli¬gini bilardi. Akbardan himoya so‘rash esa xatarli ekanini, yosh o‘spirin hozir Bayramxon bilan olishsa halok bo‘lib ketishi muqarrarligini Salima sezib turardi. U o‘zini yig‘idan zo‘rg‘a tutib:
— Amirzodam, onamiz haqlar, — dedi. — Men baxti qora qiz ekanmen, yetim o‘sdim. Endi meni deb bunday balo-qazoni bo‘yningizga olmang. Men ham taqdirimda borini ko‘rgaymen. Lekin to o‘lguncha sizga... Sizni qalbim to‘rida saqlagaymen! Xayr!
Salima yig‘laganicha xonadan chopib chiqib ketdi. Uning alamli so‘zlari va achchiq yig‘isi Akbarning qalbidagi qudratli bir tuyg‘uni junbushga keltirganday bo‘ldi. Bu tuyg‘u muhabbatmidi yoki faqat rahm-shafqatmi, hali uning o‘zi ham bilmaydi. Faqat tomog‘iga bir narsa tiqilib, ovozi bo‘g‘ilib gapirdi:
— Salimaga bunchalik jabr qilinsa, biz qandoq qarab turgaymiz, onajon? Men hozir borib otalig‘im bilan so‘zlashgaymen!
Bayramxon o‘tgan kuni Dehlidan Agraga jo‘nab ketgan edi. Buni biladigan Hamida begim:
— Shoh o‘g‘lim, siz bu mojaroga aralashmang, — dedi. — O‘spirinlar hal qiladigan ish emas bu! Bayramxon otangizni necha o‘limlardan olib qolgan, sizni ham yomon falokatlardan qutqargan. Yaxshilikni qaytarish oson emas, bu ham goho qurbon talab qilgay! Men o‘zim bir hisobini topgaymen... Odam¬laringiz kutib turgandir. Yo‘ldan qolmang.
Hamida begim o‘g‘lidan biror kun ajragisi kelmasa ham, lekin shu ishkallik tufayli Akbarni tezroq Panjobga jo‘natishga intilardi.
— Ammo shayx Gadoyi kelsa rizolik bermang, shoshilmasinlar, — dedi Akbar. — Bir-ikki yil kutsinlar.
Hamida begim ikki-uch oy muhlat so‘raganda shunchalik ozorlangan Bayramxonning bir-ikki yil sabr qilishi imkondan xoli edi. Ayniqsa, yoshi o‘tib borayotgan odamlar bu nozik ishda har bir kunni g‘animat bilishidan begim xabardor edi. Lekin u Akbarni yupatish uchun:
— Xo‘p, xo‘p, siz xotirjam bo‘ling, bolam! — deb, o‘g‘lini kuzatib qo‘ydi. Yolg‘iz qolganda esa hamma baloga endi o‘zi balogardon bo‘lishini sezib, vujudini vahm bosdi.

_____________
* U m r i  j o v i d o n — o‘lmas umr, mangu tirik hayot.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:33:10
A G R A
HOKIMIYAT TALOTUMLARI

Egasini yiqitib ketadigan asov otlar bo‘ladi. Lekin filbonga xartumi bilan chang soladigan, uni yiqitib, oyog‘i bilan toptab tashlaydigan mast fillar otlardan yuz chandon dahshatliroq bo‘lishini Akbar Hin¬distonga kelgandan keyin ko‘rdi.
Bu qudratli jonivorlar beg‘ubor bolalar va yosh o‘spirinlar bilan yaxshi chiqishar edi. Akbar o‘n  yoshida Bhirada birinchi marta filga minib ko‘rganda xuddi yurib ketayotgan baland qoyatoshning ustida o‘ltirganday seskangan edi. Otasining qadrdon filboni La’l Chand uni avval yuvosh fillarga mindirib o‘rgatdi. Filning supraday keng quloqlari ostiga tizzani tiqib mahkam o‘ltirish, ankush deb ataladigan temir tayoq¬cha bilan uni xillalab boshqarish va filbonlikka oid boshqa nozik ishlar, muomalalarni bajo keltirishni Akbar o‘n uch yoshida bilib oldi. Fillar shirinlikni yaxshi ko‘rar, shakarqamish yerdi. Akbar Panjobning Mankot degan joyidagi katta filxonada bu jonivorlar yaxshi ko‘radigan yemishlardan pishirilgan guruch, bodom va asal qo‘shilgan gajarajlardan yedirgan. Dilshankar, Damudor, Jhalpa degan fillar bilan juda inoq bo‘lib olgan edi. Bu ziyrak jonivorlar yaxshilikni ham, yomonlikni ham unutmas ekan. Bhay degan bir filbon Akbarning Damudor uchun bergan gajarajini oxuridan olib, boshqa filga bergan ekan. Bir kun Damudor mast bo‘lib, zanjirini uzib ketdi. Bhay qarshisidan chiqib uni to‘xtatmoqchi bo‘lganda xartumi bilan urib yiqitdi. Shuning ustiga Akbar fil yaxshi ko‘radigan shirin yemish olib kelib qoldi. Damudor uni tanidi. Akbar qo‘lida ankush bilan:
— Damudor, to‘xta, Damudor! — deb, filga iliq gapirdi. — Men senga gajaraj olib keldim! Ol, yegin, Damudor!
Fil mast bo‘lganda ovqatga uncha qaramaydi. Ammo Akbarning avvalgi yaxshiliklari Damudorning yodidan chiqmagan edi. Akbar uning oldingi o‘ng oyog‘ini silab:
— Damudor, oyog‘ingni tut! — dedi. Fil oyog‘ini tutib bermasa unga minib bo‘lmas edi. Damudor xartumini keskin silkitib na’ra tortdi. Hozir uning butun vujudi xurujga kelgan paytda ustiga hech kimni mindirgisi kelmas edi. Lekin Akbar uni silab-siypab yana iliq gapirdi. Hindchalab:
— Bille! — dedi. — Damudor! Bille!*
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:33:23
Nihoyat, Damudor o‘ng oyog‘ini tizzasidan bukdi-da, keng, doira shakl qora tovonini Akbarga tutdi. Akbar shu tovonga oyog‘ini qo‘ydi-da, qo‘lini yuqoriga cho‘zib, filning qalin qulog‘idan tutganicha, uning bo‘yniga chiqdi. Akbar uni o‘rmonga sayrga olib bordi, daryoda cho‘miltirdi. Filning xovurini bosib, yana filxonaga qaytarib olib keldi.
Shundan keyin filbonlar Akbarning mahavatlik* iste’dodi va jur’atiga tan berdilar. La’l Chand unga fil urishtirishni ham o‘rgata boshladi.
Harbiy fillarni jangga tayyorlash uchun ularni mast qilib, maxsus bir maydonda urishtirib ko‘rish odati Hindistonda qadimdan bor edi. Fillar urishayotganda uning ustida mahavati bo‘ladi. Katta maydon o‘rtasida tuproqdan ko‘tarma qilinadi. Ikki fil ko‘tarmaning ikki tomonidan kelib, avval bir-birini xartumi va tishi bilan ura boshlaydi. Ularning ulkan oyoqlari ostida tuproq ko‘tarma nurab, qulab tushadi. Maha¬vat¬larning har biri o‘z filiga buyruq berib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib turadi. Fillar goho bir-biriga shunday qattiq uriladiki, mahavat bo‘shroq o‘ltirgan bo‘lsa, xasday uchib ketadi. G‘azabnok fil o‘z raqibini yengish uchun avval uning ustidagi mahavatini yiqitishga, uni xartumi bilan urib tushirishga harakat qiladi. Chunki mahavati urib tushirilgan fil yengilgan hisoblanadi. Katta balandlikdan yiqilgan mahavat esa biron joyi sinib mayib bo‘ladi, goho urishayotgan fillarning oyog‘i tagida toptalib, o‘lib ketadi.
Shuning uchun filini urishtirishga olib chiqadigan filbon xuddi o‘limga ketayotgan odamday uyidagi yaqinlaridan va filxonadagi hamkasblaridan rozi-rizolik so‘rab, hamma bilan xayrlashib maydonga chiqadi.
O‘smirlik olovligi tufayli Akbar mana shu xatarli fil urishiga birinchi marta mahavat bo‘lib qatnashganda o‘n to‘rt yoshda edi.
Bayramxon fil urishida Akbarga biron kor-hol bo‘lishiga xavotirlanib, avval unga ruxsat bermadi.
— Tojdoru shahzodalarga, hatto, chavgon o‘ynash mumkin emas, — dedi Bayramxon. — Chunki muxolif tomon qasddan go‘y va chavgoncho‘p bilan urib, tojdorga shikast yetkazishi mumkin. Fil urishtirish esa chavgondan ming hissa xatarliroq!
Lekin Akbar mast fillarni qanday dadillik va ustalik bilan mina olishini otalig‘i ham ko‘rdi. Akbar Damudor nomli o‘sha zo‘r filni mastligi tarqagandan so‘ng Bayramxonga in’om qildi. Bundan mamnun bo‘lgan otaliq, nihoyat, Akbarning mahavat bo‘lib fil urishtirishiga ham ruxsat berdi.
Akbar Jhalpa degan jangovar filni minib maydonga chiqdi. Lakna degan ikkinchi mast filni La’l Chand mindi. Bayramxon raqib tomonga ataylab Akbarni yaxshi ko‘radigan va uni ehtiyot qiladigan mahavatni qo‘ygan edi. Fillar bir-birlarini tishlari va xartumlari bilan urib bir yarim soat olishdilar, ammo mahavatlarini yiqitolmadilar. Shuning uchun olishuv durang bilan tugadi.
Shundan keyingi to‘rt yil davomida Akbar yana ancha mast fillarni mindi va ularning ayovsiz jangla¬riga ham qatnashdi. U Agradagi keskin ziddiyatlardan va otalig‘i bilan ikkovining orasini buzayotgan bek-u a’yonlarning fisq-u fasodlaridan ta’bi kir, ko‘ngli g‘ash bo‘lgan paytlarda fil minib ko‘ngil yozar edi.

_______________
* B i l l e — oyog‘ingni tut, «mindir» degani.
* M a h a v a t — filshunos, filbon.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:33:37
* * *

Akbar Mankotda yurganda Bayramxon uch kun to‘y berib, Salima begimga uylangan edi. Shundan beri ikki orada paydo bo‘lgan dilsiyohlik tobora kuchayib ketyapti. Turdibek o‘ldirilgandan buyon Bayramxonni yomon ko‘radigan Mohim enaga xoni xononni Akbarga nuqul yomonlaydi:
— Hokimiyat otalig‘ingizni xovliqtirib qo‘ydi! Xoni xonon ilgari bundaqa emas edi. Hozir unvoniga ham qanoat qilmay, o‘zi podsho bo‘lmoqchi emish! Salima begimdan o‘g‘il ko‘rsa «bu ham Bobur avlodidan» deb, o‘zinikini taxtga chiqarmoqchi-da! Sizni taxtdan chetlatmoqchi otalig‘ingiz, amirzodam, ehtiyot bo‘¬ling!
Akbar Bayramxonning bunchalikka borishiga ishonmasa ham, ammo endi undan juda ehtiyot bo‘lib yurar, dilida otalig‘iga qarshi noroziliklar tobora ko‘payib borar, bu tuyg‘ular hammasi bir kun emas, bir kun olovlanib portlab ketishi mumkinligini sezar edi.
Bayramxon Salima begimga uylanganiga, mana, ikki yil bo‘ldi, ammo haligacha undan farzand ko‘rgani yo‘q. Saroyda bo‘layotgan mish-mishlarni Akbar ko‘kaldoshi Adhamdan eshitdi:
— Salima begim Bayramxondan farzand ko‘rishni istamas emish. «Meni o‘z xolimga qo‘ying, Noziya bibi sizga muntazir, boring», deb eshikni ichidan qulflab olarmish. Bayramxon zo‘ravonlik qilishga jur’at etmasmish. Salima begim o‘zini bir narsa qilib qo‘yishidan qo‘rqarmish! Keksa odam, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatsa bo‘lmasmidi?!
Akbar saroyda Bayramxonni ko‘rganda uning nimadandir ezilib, ich-etini yeb yurganini sezardi. Xufiyalar har xil ig‘volarni uning qulog‘iga ham yetkazib borsalar kerak. Bayramxon bir kun Akbarni xoli topib, yangi yozgan g‘azalidan bir necha baytini o‘qib berdi:

Har so‘zki g‘arazgo‘ desa, ey yor, inonma,
Arbobi g‘araz so‘ziga zinhor inonma.
Har dam sanga yuz so‘z meni mahrumdin aytib.
Har so‘zda aning yuz g‘arazi  bor, inonma.
Har necha jafo ko‘rsa vafo tarki qilurmu
Bayramki, bilur o‘zni vafodor, inonma.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:33:51
Akbar otalig‘ining bu haroratli baytlar bilan nima demoqchi ekanini tushundi.
— Xonbobo, men ham jafo ko‘rsam-da, hali tarki vafo qilgan emasmen, — dedi. — Lekin... o‘n sakkizga kirdim, podsho degan nomim bor. Odamlar menga arz-u dod qilurlar.
— Sizga ne xususda arz qilmoqdalar, amirzodam?
— Shayx Gadoyi sadrlar suduri bo‘lmoqchi emish. U odam shia mazhabidan. Saroydagi ko‘pchilik bek-u a’yonlar esa sunniylar. Sunniyparast ruhoniylar ham dod-faryod ko‘targay.
— Amirzodam, siz nechun bu dod-faryodlarga quloq solmoqdasiz? Axir bu sunniyparastlar mudom torlik qilurlar! Hindiston esa juda keng mamlakat. Ko‘pchilik xalqi — g‘ayridin. Sherxon shuni hisobga olib, hindlarga bag‘rikenglik qildi-yu, ko‘p yutuqlarga erishdi. Men ham hozir davlat idoralariga eng iste’dodli hindlarni ishga olmoqdamen. Todar Mal degan bir hindi hisob-kitob ishiga behad usta. O‘zi oddiy xalq orasidan chiqqan fozil yigit. Soliq ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘ymoqda. Sunniyparastlaringizning boshlig‘i shayxulislom Ansoriy shu hindini saroyda ko‘rib qolib: «Bu majusiyni kim oliy dargohga kiritdi?» deb janjal ko‘tardi. Shunda shayx Gadoyi mening tarafimni oldi. Bu shayx Hindistonda tug‘ilib o‘sgan, yerli xalqning tilini ham, dilini ham, urf-odatini ham yaxshi bilur. O‘zi adolatli, rahmdil odam.
Akbarning dilidan esa: «Bu shayx shunchalik adolatli-yu rahmdil odam bo‘lsa, Salima begimni makr-u hiyla bilan otasidan katta qariyaga nikohlab berarmidi?» degan fikr o‘tdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:34:18
*  *  *

Shayx Gadoyi sadrlar suduri qilib tayinlangandan so‘ng barcha qozilarni yangiladi, masjidlarning vaqflarini ham sunniyparast ruhoniylardan tortib olib, o‘ziga yoqqan boshqa mazhabdagi shayx va ulamolarga bera boshladi. Shayx Ansoriy boshliq sunniyparastlar xuddi iniga cho‘p tiqilgan arilarday vijillab, shayx Gadoyiga qarshi qo‘zg‘aldilar. Ularga Bayram¬xondan norozi bo‘lib yurgan bek-u a’yonlar qo‘shildi.
Akbar kimning gapiga ishonishini bilmay, intihosiz nizolardan to‘yib ketganda Dehliga, onasi va enagasi Mohim bibining yoniga borardi. Lekin Dehlida Bayramxonga dushman bo‘lib qolganlar Agradagidan ham ko‘p. Mohim enaganing inisi Shahobiddin Hamida begimning tavsiyasi bilan Dehli shahriga kutval qilib tayinlangan edi. Bu odam jiyani Adhamxon orqali Pirmuhammad atka bilan til biriktirgan, hammalari birlashib, Bayramxon bilan shayx Gadoyini yuksak lavozimlaridan chetlatish fikriga tushgan. Lekin Akbar ularning gapiga kirsa ichki urush boshlanishi va qon to‘kilishi mumkinligini biladi, o‘z atrofidagi beklardan hech biri bu ulkan davlatni Bayramxonchalik uddalab boshqara olmasligini sezadi. Shuning uchun u Dehlidagi ziddiyatlardan ham o‘zini chetga olib, yana Agraga qaytadi. Bundan bir oycha burun Akbar Agradagi Zarafshon bog‘ining tillakori shiyponida o‘ltirganida Pirmuhammad atka hovliqib keldi-yu:
— Amirzodam, siz hokimiyatni o‘z ilkingizga olmog‘ingiz kerak! — dedi. — Agradagi Qilichxon Andijoniy, Kalpidagi Aliqulixon o‘zbeklar ham sizga sodiq. Shayx Ansoriy fatvo berishga tayyor. Ko‘pchilik din ahlining shayx Gadoyini ko‘rarga ko‘zi yo‘q.
Bu gaplarga shiypon orqasidagi daraxtlar panasida turib go‘yo gullarning tagini chuqalab yumshatayotgan sersoqol bog‘bon zimdan quloq solmoqda edi. Kobulda Said Xalil qiltomoq bo‘lib o‘lib ketgandan so‘ng Komron bilan Bhakkarga qochgan Afzalbek shu edi. Komron Humoyun bilan yarashganda Afzalbek jazodan qochib, Panjobga keldi. Islomshoh xizmatiga o‘tish uchun o‘ziga Muborizxon degan afg‘oncha yangi nom qo‘ydi. Boburiylarga oid ko‘p sirlarni Islomshohga aytib berib, besh-olti yil uning xizmatida yurgan Afzalbek hokimiyat yana o‘zgarganda Bayram¬xon huzuriga keldi.
Bayramxon uni avval Afzalbek bo‘lib yurgan paytlarida tanimas, birda-yarim ko‘rgan bo‘lsa ham unutib yuborgan edi. Muborizxon — Afzalbek — o‘zi ham yigirma yildan beri juda o‘zgarib ketgan, uzun mosh-guruch soqolli keksa odamga aylangan, lekin xufiyalik ishida mahorati yanada oshgan edi. Shuning uchun Bayramxon uni Zarafshon bog‘iga bog‘bon tayinlagan, ayni vaqtda, Akbarni yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan bek-u a’yonlarning so‘zlaridan otaliqni ogoh qilib turuvchi xufiya qilib qo‘ygan edi. Muborizxon hozir qulog‘ini ding qilib, Akbarning javobini kutdi.
— Otalig‘im bizga ko‘p yaxshiliklar qilgan, — dedi Akbar, — men uning yuziga oyoq qo‘yolmagaymen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:34:30
— Ammo otalig‘ingiz sizga shuncha yomonliklar qilsa maylimi? Salima begim uning dargohida bebaxt... Najotni hamon sizdan kutmoqda! Dehlida otangizga ulkan maqbara qurmoqchi edingiz. Qurilish haligacha boshlangani yo‘q. Otalig‘ingiz kattaroq mablag‘ bermaydir!
— Hatto shaxsiy xarajatlarimga ham pulni kam berib, meni juda qisib qo‘yganligi rost! — dedi Akbar alam bilan.
— Ammo Bayramxon o‘zi hammadan boy! Qan¬dahorday ulkan viloyat uning jogiri. Har yili lak-lak oltin tanga daromad olmoqda! Atrofiga shayx Gadoyi, Valibek, Shohquli mahramga o‘xshagan qizilboshlarni yig‘ib olgan. Ularga eng katta lavozimlar-u jogirlarni bergan. Har biri siz-u bizdan boy! Qachon¬gacha bu bedodlikka chidagaysiz, amirzodam? Axir siz podshosiz! Xazina sizniki, barcha viloyatlarda sizning nomi¬ngiz xutbaga qo‘shib o‘qilmoqda. Ammo xazinaga siz¬ning muhringiz bilan qog‘oz olib borilsa pul berilmaydir! «Faqat vakili saltanat Bayramxonning imzo¬¬si-yu ijozati bilan pul berilsin!» degan farmon bor. Xazinachi bu farmonni buzsa, jazo olgay! Axir bu adolatsizlik emasmi? Bu farmonni qachon bekor qi¬lursiz? Hamma joyda sizning muhringiz bilan ish olib borilmog‘i kerak-ku! Buyuring, sodiq bek-u a’yonlaringiz buni joriy etsinlar!
Pirmuhammad atka aytgan bu ishni joriy etish — davlat to‘ntarishi yasashday mushkul va xatarli edi. Bayramxonning fe’li ma’lum. Atrofidagilar hech balodan qaytmaydigan shafqatsiz odamlar. Ular Turdibek¬ni chodirda qanday o‘ldirganlari Akbarning ko‘z oldiga keldi. Uzoq jimlikdan so‘ng Akbar:
— Hali shoshmaylik, — dedi. — Men o‘ylab ko‘rmog‘im kerak.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:34:59
*  *  *

O‘sha kuni kechasi Muborizxon — Afzalbek bu gaplarni oqizmay-tomizmay Hasht Bihisht bog‘idagi Bayramxonga yetkazib bordi. Bayramxon avval bir olovlandi, keyin mulohaza qilib ko‘rib, Akbarning vazminligiga tan berdi. U otalig‘iga Salima begim haqida ham haligacha biror og‘iz so‘z aytgani yo‘q. Salima begim Akbarga qarindosh, ko‘rishib, gap-lashaman desa, hech kim taqiqlay olmaydi. Lekin ikki oradagi ishkallikni battar qo‘zg‘amaslik uchun Akbar Bayramxonning haramidagi ammabachchasidan ataylab o‘zini uzoq olib yuribdi. Bayramxon goho bu yigit¬dagi bardoshga hayron qoladi. «Qonida bor she¬killi-da»,— deb o‘ylaydi. Bobur ham shu yoshda termizlik Boqi Chag‘oniyoniyning avvalgi yaxshiligini unutolmay, uning qancha gunohlarini kechirgani, Humoyun o‘z inilari bilan munosabatda qanchalik bardoshli bo‘lgani Bayramxonning xayolidan o‘tadi.
Ammo Akbarni Bayramxonga qarshi qo‘zg‘atmoq¬chi bo‘lgan Pirmuhammad atka jazosini olmog‘i kerak!
Ertasi kuni Bayramxon uni o‘z devoni xosiga chaqirtirdi. Nozirul muluk Pirmuhammad ertalabdan Bayramxonning avzoyi yomonligini odamlardan eshit¬gan va o‘zini kasalga solib, uyiga borib yotgan edi. Uning kasali yolg‘onligini fosh qilish uchun Bayramxon uch-to‘rt yaqin mulozimlari bilan otlanib to‘g‘ri Pirmuhammadning uyiga yo‘l oldi. Hovli darvozasi oldida turgan qorovul:
— Beruxsat kirgizmang deb buyurgan edilar, — dedi-da, darvozani ochmadi: — Men hozir ichkariga kirib, ruxsat so‘rab chiqgaymen!
Qorovul Bayramxonni tanimasligi mumkin emas edi. Davlat boshlig‘ini bekik darvoza oldida kuttirib qo‘yish Bayramxon bilan birga kelgan shayx Gadoyi va Shohquli mahram tomonidan uchiga chiqqan odobsizlik deb baholandi. Bayramxon qorovulning qaytib chiqishini kutib turmasdan otining jilovini orqaga burdi. Saroyga qaytgach, Valibek uning nomidan Pirmuhammadga qisqa bir xat yozib yubordi:
«Sen janobi xoni xononning huzuriga kelganingda yupun kiyingan bir mullocha eding. Xoni xononning tavsiyasi bilan atka bo‘lding. Bu ulug‘ zot seni nozirul muluk lavozimiga ko‘tardilar. Endi sen buning hammasini unutdingmi? Bilib qo‘y, bizning qarshi¬mizda sening bir piyola suvchalik holing bor, vakili saltanat chimchilog‘i bilan bir ursalar to‘kilib, sochilib ketgaysen. Agar joningdan umiding bo‘lsa tezroq aqlingni yig‘ib, tavba qilgani kelgaysen!»
Pirmuhammad xat keltirgan kishiga: «Ertaga ertalab borgaymen», deb javob berdi. Kechki payt Ak¬barning nomiga maktub yozib, voqeani bayon qildi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:35:19
«Amirzodam, bog‘da, so‘zlashgan gaplarimizni kimdir otalig‘ingizga yetkazganga o‘xshaydir. Men qochmasam qasd olg‘aylar. Valibek yozgan xatni o‘qib ko‘ring. muhrlarni xoni xononga qaytarib yubormoqdamen. Mening lavozimim uning odamlaridan yana birortasiga kerak, chamasi. Ammo Sizga hamisha sodiqmen, qachon chorlasangiz xuzuringizga yetib kelgaymen». Pirmuhammadning nozirlikdan tashqari, panjhazora* degan harbiy unvoni va besh ming navkari bor edi. Kechasi qorong‘ida u eng sodiq kishilaridan mingtachasini yig‘di-yu, Agradan yashiriqcha chiqib, Gujarat tomonga qochdi.
Bu orada Bayramxonning yaqinlari uni otaliqqa qarshi fitnada ayblab, hibs qilish haqidagi buyruqqa qo‘l qo‘ydirgan edilar. Tun yarmidan oshganda qamash uchun kelgan odamlar uni topolmadilar, so‘ng mol-u mulkini musodara qildilar. O‘zi topilmagani uchun oila a’zolarini Biana qal’asiga eltib hibs qildilar.
Bayramxonning yonida katta lavozimga ko‘z tikib yurganlardan biri eronlik Hoji Muhammad Seyistoni edi. Ikki kun o‘tmasdan Bayramxon bu odamni Pirmuhammadning o‘rniga ichki ishlar noziri* qilib tayin etdi. Agrada Akbar suyanadigan sirdosh nozirul muluk endi yo‘q, uning o‘rnini Bayramxonning yana bir ashaddiy tarafdori egalladi.
Akbar Pirmuhammadning oila a’zolari, jumladan, xotini Hakima bibi hibsga olinganini eshitib, Bayram¬xonning huzuriga kirdi:
— Xonbobo, Hakima bibi ham menga oq sut bergan enaga! Unda ayb yo‘q! Hibsdan bo‘shatmoq kerak.
— Amirzodam, Pirmuhammad atkangiz menga qarshi fitna uyushtirganidan siz xabardormidingiz?
— Men uni bu yomon yo‘ldan qaytargan edim.
— Ammo u qaytmabdir. Aybi bo‘yniga qo‘yilishini sezib qochibdir. Oilasi esa bu ishda unga yordam beribdir.
— Atkaning qochishiga sizning nomingizdan yozilgan mana bu maktub sabab bo‘lmishdir! —  deb Akbar Valibekning Pirmuhammadga do‘q qilib yozgan haqoratomuz xatini otalig‘iga ko‘rsatdi: — Xonbobo, atrofingizdagi ba’zi janoblar sizga erkalik qilib, haddidan oshib ketmoqdalar. Siz menga «Inonma» radiflik g‘azalingizni o‘qib bergan edingiz. «G‘arazgo‘ylarga inonmang» degan gapni endi men ham sizga aytmoq¬chimen!
— Ammo siz menga inonasizmi, amirzodam? Pirmuhammad meni davlat tepasidan ag‘darmoqchi bo‘ldi. Xotini ham bu ishda unga hamkor. Shuning uchun hibs qilindi. Bunga inonmasangiz, demak, menga inonmaysiz!
— Enagam menga onam o‘rnida. Ikkovingizga ham inonib o‘rganganmen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:35:48
— Ammo hokimiyatning barcha tizginlarini bitta odam o‘z ilkida tutib turmasa, davlatni boshqarib bo‘lmagay, amirzodam! Siz hali bu ming g‘ildirakli ulkan aravani boshqarish qanchalik qiyinligini tasav¬vur etolmaysiz. Hokimiyat o‘zi nima? Soddaroq qilib aytganda, minglab asov otlar qo‘shilgan ulkan arava! Ming g‘ildirak hammasi tinimsiz harakatda, ming otning tizginlarini kimdir to‘g‘ri yo‘lga solib turmog‘i lozim. Sal bexabar qolsangiz, otlarning bir qismi aravani boshqa yoqqa olib qochib ketgay, botqoqqa botqizib qo‘yg‘ay, hatto jarga ag‘dargay. Oraga boshqa odamlar suqulsa-yu, tizginlarning bir qismini bu yoqqa bursa, bir qismini u yoqqa bursa, arava sarson bo‘lib, jarga qulab tushmagaymi?
Bayramxon Akbarning ko‘zlariga sinovchan nazar bilan tikildi:
— Agar siz shu ming g‘ildirakli aravani mendan yaxshiroq boshqargaymen desangiz, agar minglab asov otlarning tizginlarini ilkingizda mendan yaxshiroq tutib tura olsangiz, marhamat, men hammasini sizga topshirgaymen! Davlat ishlari meni behad charchatdi. Bir umrga yetadigan mol-mulkim bor. Boshqa ne kerak? Dam olay, ash’or yozay. Jang-u jadallarda qonlar to‘kib, gunohlar qilganmen. Shu gunohlardan poklanmoq uchun hajga borib kelay. Oling, barcha tizginlarni, hokimiyatni o‘zingiz boshqaring!
Akbar otalig‘i aytgan bahaybat aravani va unga qo‘shilgan minglab asov otlarni o‘zicha tasavvur et¬di-yu, eti junjikdi. Bu aravani otalig‘idan yaxshiroq haydashga u hali tayyor emas edi. Mabodo, tavakkal qilib: «Bering jilovni!» desa, Pirmuhammad atkasi kabi quvg‘inga uchrashi hech gap emas, chunki Bayram¬xon davlat tepasidan ketsa, unga suyanib turgan shayx Gadoyi, Hoji Muhammad Seyistoniy, Valibek, Shohqulibek kabi o‘nlab yaqinlari barcha lavozimla¬-ri-yu imtiyozlaridan ajralishi muqarrar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:36:01
Shuning uchun Bayramxon istasa-istamasa, uning atrofidagilar davlat tepasiga boshqa odamni keltirmaslikka intiladi. Mabodo, Akbar keladigan bo‘lsa, uni aravadan ag‘¬darib tashlaydi-yu, boshqa itoatkorroq, yoshroq bobu¬riyzodani xo‘jako‘rsinga podsho qilib ko‘taradi.
Bayramxonning ko‘zlari tagiga yashiringan kinoya ham, «qani, hokimiyat talashib ko‘r-chi, ne ahvolga tusharkinsen!» deyayotganga o‘xshardi.
Yaqindagina onasi Akbarga Dehlidan maxfiy xat yozib, uni ogohlantirgan edi: «Agar siz otalig‘ingizga qarshi bosh ko‘tarsangiz, Bayramxonning tarafdorlari sizni quvib, o‘rningizga Komron mirzoning o‘g‘li Abulqosimni taxtga chiqarmoqchi emish. Axir uning otasi ham podsho bo‘lgan-ku! Tinch yuring, Akbar¬jon. Agar Dehliga kelsangiz, Abulqosimni birga olib jo‘¬nang. Bu maktubni yondiring. Sizni sog‘ingan onangiz».
Abulqosim hali o‘n ikki yoshga to‘lmagan o‘spirin. Bayramxon unga yana besh-o‘n yil otaliq bo‘lishi mumkin. Ungacha Salima begim o‘g‘il tug‘ib berar. Akbar esa o‘n sakkizga kirib, hokimiyat tizginini qo‘lga oladigan yoshga yetib qolyapti...
Otalig‘ining sinovchan nazari oldida bu narsalarni xayoldan o‘tkazishning o‘zi Akbarni dahshatga kel¬tirdi.
— Xonbobo, men siz bilan hokimiyat talashmaydirmen! — dedi. — Siz aytgan ming otliq aravani boshqarish qanchalik qiyinligini menga hazrat otam aytganlar, hazrat bobom kitoblarida yozib ketganlar. Mayli, barcha tizginlar sizning ilkingizda tursin. Faqat, mening iltimosimni ham rad etmang. Hakima enagam tuhmatga uchrab, hibsda yotmasin. Bo‘sha¬ting!
Qochib ketgan Pirmuhammadga nafrati cheksiz bo‘lgan Bayramxon:
— Hammasini qattiq taftish qilib, ayblarini bo‘yinlariga qo‘ygaymiz! — dedi.
Demak, hibsdagilarni aybiga iqror qilish uchun qancha qiynoqlarga ham solishlari mumkin...

______________
* B e sh   m i n g  b o sh i  d e g a n i — general unvoniga to‘g‘ri keladi.
* N o z i r — ministr.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:36:44
* * *


Akbar otaliq bilan bu haqda boshqa bahslashib o‘ltirmadi-yu, ta’bi tirriq bo‘lib saroydan chiqdi va filxona tomonga burildi. Bu yerdan mast filning na’rasi eshitilmoqda edi. Filbonlar boshlig‘i La’l Chand oltmish yoshlarga borib, ancha qarib qolgan, bugun uyiga ketgan, uning o‘rnida yigirma yoshli o‘g‘li Bhishan Chand ishlab turar edi.
Janglarda oldingi safda boradigan Favjdor* ismli ulkan fil zanjirni uzguday bo‘lib silkinib, shovqin solardi. Akbar uning mast bo‘lganini sezdi. Bhishan Chand Favjdorning yemishiga mastlikni tarqatadigan dori giyohdan qo‘shib berdi. Ammo fil bu giyohning hidini yomon ko‘rardi, yemishga qaramadi. Shundan so‘ng mahavat fil chanqaganda ichadigan suvga shirinlik bilan o‘sha dori giyohdan aralashtirdi-yu, yog‘och chelakka solib, filning oldiga olib bordi. Ammo filbon unga ikkinchi marta yomon ko‘rgan giyohini olib kelgani uchun Favjdorning g‘azabi qo‘zidi. Mastligida egasini ham ayamaydigan Favjdor xartumi bilan filbon ko‘tarib kelgan chelakni shunday qattiq urdiki, chelak bir tomonga uchib ketdi, Bhishan Chand ikkinchi tomonga sirg‘alib yiqildi. Chelakdagi shirin suv yerga to‘kilib, filbonning ustiga sachradi. Bhishan Chand filning oyog‘i tagida qolishdan qo‘rqib, chetga emaklab qochdi.
Akbar Favjdorning zanjirdan bo‘shamoqchi bo‘lib talpinayotganini, o‘rmonda, daryo bo‘yida erkin yurgan paytlarini qo‘msayotganini sezdi. Uning o‘zi ham hozir saroydagi ziddiyatlar zanjiridan qutulishni istardi. Bhishanga qarab:
— Men Favjdorni minib sayr qilib kelsamchi? — dedi.
— Yo‘q, yo‘q, amirzodam! Bunga yaqin bormang! Favjdor janglarda odam o‘ldirib o‘rgangan shafqatsiz fil! Bo‘shatsak, sizni yiqitib qochib ketgay! Men sizga sayr uchun boshqa fil bergaymen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:36:57
Ammo Akbar hozir mast filni mingisi kelar, o‘tkir xavf-xatar tuyg‘usi bilan qalbidagi dilsiyohliklar g‘uborini tarqatgisi kelardi. Shuning uchun Bhishan Chandning gapiga quloq solmay, Favjdorning orqa tomoniga o‘tdi. Fil orqa oyog‘idan zanjirband qilingan, terisi qalin bo‘lsa ham, hadeb siltanaverganidan, oyog‘i ancha shilingan edi. Akbar qo‘lidagi temir tayoq¬cha bilan, filning nomini aytib, unga iloji bori¬cha muloyim gapirib yaqinlashdi. Akbar ilgari Favjdorga uch-to‘rt marta mingan, unga xushta’m yemishlar bergan edi. Hozir shu filning esiga tushdi. Akbar zanjirni yechgach, fil ancha yengillik sezib, unga tomon o‘girildi. Akbar yaqin borib, uning ustunday oyoq¬larini silab-siypadi:
— Qani, Favjdor, oyog‘ingni ber! Bille! Favjdor.
Favjdor na’ra tortib norozilik bildirsa ham, axiyri, o‘ng oyog‘ini bukib, Akbarning yuqori chiqishiga imkon berdi. Akbar tizzalarini filning quloqlari tagiga tiqib, uning gardani yaqiniga mahkam o‘ltirib olgach:
— Yur! — deb buyruq berdi. — Mel! Yur!
Favjdor busiz ham filxonadan tashqariga otilib chiqdi. Doim ko‘zga tashlanmaslikka tirishib, Akbarni qo‘riqlab yuradigan ikki devqomat yigit uning hayoti uchun javobgar edilar. Akbar mingan fil na’ra tortib, lo‘killaganicha daryo bo‘yidagi qalin daraxtzorga qarab chopib ketdi. Qo‘riqchilar otlanib uning ketidan tushdilar. Akbar qo‘lidagi temir tayoqcha bilan filning gardaniga urib, uni yo‘lga solmoqchi bo‘ldi. Lekin Favjdor endi unga itoat etmas edi. Yo‘lida uchragan butalarni bosib-yanchib, daraxtlarning shoxlarini qarsillatib sindirib o‘tayotganda Akbar uning boshi ustiga egilib, quloqlariga qo‘llari bilan yopishar, shunday qilmasa, shoxlarga ilinib, yerga chalpak bo‘lib yiqilishi mumkin edi.
Otliqlar daraxtzor orasidan o‘tolmay qolib ketdi. Bir vaqt Favjdor daryo bo‘yidan chiqdi. Hut oyi. Jamnada suv ozayib, o‘rtalarida qumloq orolchalar paydo bo‘lib qolgan. Mast fil o‘zini daryoga tashladi. Uning ustida o‘ltirgan Akbar shu filning o‘ziday ulkan xatarni his qilgan sari qalbida hayot-mamot tuyg‘usi kuchayib bordi. Uni qiynagan saroy ziddiyatlari xa¬yolidan uzoqlashib ketdi. Daryo suvi yuziga, qo‘llariga allanechuk yoqimli tegdi. U og‘zining taxir bo‘lib ketganini, lablari quruqshab, tili og‘zida yaxshi aylanmay qolganini endi sezdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:37:17
Fil bo‘ynigacha suvga botib, Jamnaning qoramtir  suvida suza boshladi. Akbarning oyoqlari, shohona etigi suv ichida ko‘rinmay ketdi. Daryo salqini uni ancha o‘ziga keltirdi. Bir qo‘lini suvga soldi-da, panjasini chayqab, kaftida suv olib ichdi. Shu payt orqadan Lakna degan filni minib Bhishan Chand yetib keldi va Akbarning ketidan daryoga tushdi. Favjdor yaxshi suzar edi, ko‘p o‘tmay daryo o‘rtasidagi chetlari qumloq, o‘rtasi daraxtzor orolga yetib bordi. Ammo qirg‘oqqa chiqqisi kelmay, sayozroq joyda to‘xtadida, xartumiga suv olib, sag‘risiga sepa boshladi.
Bu orada Lakna bilan Bhishan ularga yetib olishdi. Lakna moda fil edi, hozir uning osuda, vazmin, homiladorlik davri. Bultur Favjdor  u bilan ko‘p o‘ynashgan va ikkovi qo‘shilishgan edi. Yana ikki yildan so‘ng* tug‘iladigan bo‘lajak filchaning otasi Favjdor edi. Shuning uchun Bhishan Favjdordorning xurujini bosishda Lakna yordam berar degan umid bilan shu moda filni minib, Akbarga yordamga shoshilgan edi. Fillar ho‘l xartumlarini bir-biriga yaqinlashtirib iskashdi. Favjdor yana bir bo‘kirib qo‘ydi, ammo tovushi avvalgiday g‘azabnok va baland emas. Jinnilarcha yugurish, ayniqsa, salqin daryo bo‘ylab suzish uning mastligini bir qadar bosgan edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:37:31
Bhishan «podshoga biron shikast yetsa men baloga qolurmen», deb qo‘rqib rangi oppoq oqarib ketgan edi. Akbar ham o‘zining qo‘llari titrayotganini endi sezdi. Bhishanning rangi o‘zgarib ketganini ko‘rib:
— Siz muncha qo‘rqdingiz, sohib? — deb kuldi.
— Ahvolingiz juda qo‘rqinchli edi-da, amirzodam! Krishna*  sizni panohida asrasin!
— Men hazrati Sulaymondan*  madad so‘radim. Xayriyatki, ikkovimizning iltijomiz ham ijobat bo‘ldi.
Akbarning bu so‘zlaridan Bhishanning yuziga qon yugurib, ko‘zlari mamnunlik bilan chaqnab ketdi. Akbar uni o‘ziga yaqin olib «ikkovimiz» degani behad yoqimli edi. Janglarda odam o‘ldirib o‘rgangan dah¬shatli mast filni bugun Akbar kabi minib, o‘rmon-u daryolarni oralab chopishga ancha-muncha mahavat jur’at etmagan bo‘lardi. Bhishanning ko‘zi oldida Akbar Ramaday* dovyurak yigit, ayni vaqtda, oddiy bir filbon — mahavat bo‘lib ko‘rindi. Akbar shu har ikki jihati bilan bu mehnatkash hind yigitining diliga behad yaqin va chin ixlosiga munosib tuyuldi.
— Faqat podsho bo‘lganingiz uchun emas, bugungi jur’atingiz uchun ham men sizga umrbod sodiq qolgaymen! — dedi Bhishan.
Ikki yigit daryo o‘rtasidagi orolchada ancha vaqt qolib ketdilar. Kechki payt qorinlari ochib, daryodan qayta suzib o‘tdilar-da, qirg‘oqqa chiqdilar. Favjdor ancha bosilib, gapga kiradigan bo‘lib qoldi. Akbar uni filxonaga kirgizib yubordi-yu, kuni bo‘yi bezovta bo‘lib uni kutib turgan jilovdori va qo‘riqchi yigitlariga ot keltirishni buyurdi.

________________
* F a v j — harbiy qism. Fillar galasi.
   F a v j d o r — gala boshlig‘i.
* Fillar o‘z homilasini uch yil ko‘tarib yurib, keyin tug‘adi.
* K r i sh n a — hind xudolaridan biri. Fillar homiysi.
* Rivoyatlarga kro‘a, hazrati Sulaymon barcha yovvoyi hayvonlar homiysi bo‘lgan.
* R a m a — «Ramayana» nomli mashhur doston qahramoni.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:37:59
* * *

Kiyimlariga loy tekkan, yuzi tirnalgan, ammo, ko‘nglining chigalini yozib, ruhi tiniqlashgan Akbar Saroyga otliq qaytar ekan, qal’a darvozasi yaqinida ichkaridan mahramlar bilan otliq chiqib kelayotgan Bayramxon duch kelib qoldi. Akbarning bugungi sarguzashti allaqachon otalig‘ning qulog‘iga yetib borgan chamasi, Bayram¬xon otining jilovini tortib, Akbarga tegishdi:
— Amirzodam, bugun yana mahavatlik qilibsiz-da!
Bayramxonning yonida saman otini gijinglatib turgan uzun mo‘ylovli Shohqulibek homiysining hazilini ma’qullab kuldi-da:
— Balki amirzodam yana mahavat bo‘lib fil urishtirmoqchidirlar? — dedi.
Uning otdan tushmay shunday takabburona gap otishi Akbarning izzat-nafasiga tegdi. Chunki saroyda qabul qilingan odat bo‘yicha, mulozimning podshoga ot ustida turib gapirishi odobsizlik sanalardi.
— Janob Shohqulibek, — dedi Akbar qovog‘ini uyib, — siz men bilan fil urushtiradigan darajaga yetib qoldingizmi?
Bayramxonning oldida Akbar ilgari uning mulo¬zimlariga bunday keskin javob bermas edi. Lekin bugun Akbarning o‘ziga ishonchi oshgan paytda ota¬lig‘ining atrofidagi odamlar odobsizlik qilsa alamini ichiga yutib ketavergisi kelmadi.
 — Mast fil asabingizni charchatgan bo‘lsa ke¬rak,— dedi Bayramxon uni bosiq bo‘lishga undagan kabi. — Lekin, amirzodam, sizda fillarni o‘ziga rom qiladigan ajib bir mehrigiyo bor. Mankotda o‘n to‘rt yoshda fil urushiga qatnashganingiz hech yodimdan chiqmaydir.
— O‘sha olishuv durang bo‘lgan edi-ya! — dedi Valibek. — Amirzodam, oradan to‘rt yil o‘tdi. Mana, bahodir yigit bo‘ldingiz. Endi fil bilan maydonga tushsangiz yengib chiqishingiz shubhasiz!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:38:19
Bu mulozim ham otdan tushmay gap qotgani, Bay¬ramxon esa ularning odobsizligini sezmayotgani akbarning nafsoniyatiga yanada qattiqroq tegdi. Hol¬buki, qarshisida turganlarning hech biri mast filga jur’at qilib yaqin bora olmaydi. Akbar hech bo‘lmasa shu nuqtada o‘zining otalig‘idan ustun ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi, uning atrofidagi kekkaygan mulozimlari¬ning ham adabini bergisi keldi. Bayramxonga yuzlanib:
— Janobi vakili saltanat rozi bo‘lsalar, biz fil bilan maydonga tushishga tayyormiz! — dedi.
U bayramxonning: «Yo‘q, podsholar bunday xatar¬li jangda o‘zlari maydonga tushmasliklari kerak», deb e’tiroz qilishini kutdi. Ammo Bayramxon kulimsirab:
— Siz endi yigit bo‘ldingiz, rozilik bermay ilojimiz yo‘q, — dedi.
Shohquli mahram yana gap qo‘shdi:
— Janobi vakil, Zo‘ravor degan buyuk filingiz kuch yig‘ib yotibdir. Gulmuhammad mahavat bilan o‘shani maydonga tushiring, — deb maslahat berdi.
Bayramxon bu maslahatni darhol qabul qilgani ham Akbarni xiyol hayratga soldi. Chunki Zo‘ravor degan fil jangdagi shafqatsizligi bilan dong chiqargan edi. Panipat jangida uni o‘sha Gulmuhammad degan filbon minganda Zo‘ravor dushman otliqlarini xartumiga o‘rab otgan, piyodalarni oyog‘i bilan yanchgan, buning hammasini bayramxon ham ko‘rgan edi. Ilgari hatto chavgon o‘yinini shahzoda va podsholar uchun nojoyiz deb gapiradigan va akbarni bunday xatarlardan ehtiyot qilib yurgan otalig‘i nahotki endi uni Zo‘ravorday odamkush fil bilan urishtirib qo‘yib, o‘zi jim tomosha qilib o‘ltirsa?
— Demak, sizdan Zo‘ravon maydonga chiqishi aniqmi? — qaytarib so‘radi Akbar.
— Aniq, — dedi Bayramxon. — Anchadan beri fil jangini ko‘rganimiz yo‘q. Amirzodam, siz ham eng zo‘r filingizni maydonga olib chiqing... G‘alabangizni o‘zim bir ko‘ray.
Bayramxon «g‘alabangiz» degan so‘zni kinoya bilan aytganini Akbar sezdi. Demak, otaliq fil jangida g‘olib chiqishiga ishonadi. Boshqalar ham: «Agrada hozir Zo‘ravorni yengadigan fil yo‘q», deb o‘ylashadi. Ammo Akbar filni ularning ko‘pidan yaxshiroq biladi. Bugun u mingan Favjdor kuchi oshib-toshganidan mast bo‘lgani ma’lum. Biroq ota-boladay inoq bo‘l¬gan Akbar bilan Bayramxon endi ochiqchasiga raqibga aylanib fil  urishtirishsa, oqibati qandoq bo‘larkin?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:39:52
Hindistonda azaldan hokimiyat talashuvchilarning fil urishtirishi ramziy ma’noga ega. Raqib podsholar eng zo‘r polvonlarini o‘rtaga tushirib kurash oldirishi, qaysi tomonning polvoni yengsa, o‘sha tomon g‘olib sanalishi rivoyatlarda ham bor. Hindistonda shu polvonlar o‘rniga eng zo‘r fillarni mingan filbonlar maydonga chiqib olishadi.
— Siz shuni istaysizmi, janobi vakili saltanat? — deb qaytarib so‘radi Akbar.
Ilgari «xonbobo» deb muloyim gapiradigan Akbar endi dovtalab bo‘layotgan kabi shiddatli ohang bilan «janobi vakili saltanat!» deyishi Bayramxonning ham izzat-nafsini qo‘zg‘atdi. Podsho yigitcha havo boylab ketayotganga o‘xshaydi. Bayramxon Zo‘ravorni ishga solib, uni ko‘pchilikning oldida boplab bir yengishi kerak. Ana unda hovuri bosilib otalig‘iga yana so‘zsiz itoat etadigan bo‘ladi. Mayli, o‘zi mahavat bo‘lib maydonga chiqsin. Zo‘ravor uni yiqitsa, keyin Bay¬ramxon ham uni qayirib oladi, chizgan chizig‘idan chiqmaydigan qiladi. Mabodo Akbar Zo‘ravorning oyog‘i tagida qolib halok bo‘lsa... Bayramxon buni ham o‘yladi... Yaxshi ko‘rgan shogirdi o‘lsa ichi achishi, kuyinishi aniq. Lekin nachora? Hayot, muhit Akbarni unga raqib qilib qo‘ydi. Naryoqda Mohim enaga, Hamida begim, Pirmuhammad atka — hammasi Bayramxonga qarshi, otaliq buni xufiyalar orqali bilib turibdi. Akbarning dili o‘shalar tomonda. Bu ham ozday, Salima begim haligacha otaliqqa ko‘ngil bermaydi. Bayramxon uning jismini egallagan paytda ham, begimning dili Akbarda ekanini sezib o‘rtanadi. Salima begim Bayramxondan farzand ko‘rishni istamayotgani rost. Bu hammasi qancha gap-so‘zlarga sabab bo‘lmoq¬da. Bayramxon hammasidan birato‘la qutu¬lishni istaydi. Shuning uchun u ham dovtalab bo‘lib:
— Mayli, amirzodam, maydonga chiqing! — dedi.
Akbar Shohqulibek, Valibek, shayx Gadoyilarning yashirin niyatini endi sezdi. Ular Akbarning mahavat bo‘lib, maydonga tushishini va Zo‘ravorning oyog‘i tagida yangchilishini istashadi. Otalig‘i esa ularni bu yomon niyatidan qaytarmaydi. Nega? Raqobat shu darajaga yetgan bo‘lsa, Akbar nega ularning istagiga bo‘ysunib, maydonga fil minib kirishi kerak? Bugun mast fil ustida jonini xatarga qo‘ygani ozmi?
— Unday bo‘lsa, — deb Akbar Bayramxonga ti¬kilib qaradi, — bizdan Favjdor maydonga chiqgay. Avval uni mahavat Bhishan Chand minsin. Agar yiqilsa, keyin men o‘zim minib kirgaymen. Kunini belgilang!
Mahavatning yiqilishiga shubha qilmaydigan Bayramxon:
— Indin, chorshanbayi murodbaxshada, peshin namozidan so‘ng! — dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:40:18
* * *

Akbar bilan Bayramxon ikkalasi qarama-qarshi tomonda turib fil urishtirishini eshitgan bek-u a’yonlar chorshanba kuni Jamna bo‘yidagi maxsus maydonga yopirilib keldilar. Fillar urishadigan maydonning atrofiga tomoshabinlar uchun bexatar joylar qilingan, oraga fillar o‘tolmaydigan baquvvat yog‘och to‘siqlar o‘rnatilgan edi. Maydon pastda. Uning sahni yaxshi ko‘rinadigan baland joylarga naqshin shiyponlar o‘rnatilgan. Janub tomondagi shiyponni Bayram¬xon o‘z odamlari bilan egalladi. Shimol tomondagi tolorda Akbar ko‘kaldoshlari Adham, Aziz va yaqin ichki beklari bilan o‘ltirishibdi. Maydonning o‘ng-u so‘lida— yog‘och to‘siq ortida hakamlar va otashdorlar* turishibdi. Piyoda tomoshabinlardan tashqari, maydon atroflarida otliq turgan tomoshabinlar ham anchagina bor — egar ustidan maydon yaxshiroq ko‘rinadi.
Filbonlar xuddi o‘limga ketayotgan odamlarday yaqinlaridan rozi-rizolik so‘rab xayrlashdilar. Akbar jang oldidan maxsus shirin ichimlik bilan mast qilingan Favjdorni silab-siypab qulog‘iga shivirladi:
— Kuchingni ko‘rsat, jonivor! Ilohim yenggin-u yengilmagin!
Fil nimadandir norozidek na’ra tortdi, ammo Bhishan Chandga o‘ng oyog‘ini tutib, yelkasiga chiqishiga yordam berdi.
Uning qarshisidan chiqqan Zo‘ravor chindan ham juda bahaybat fil edi. Ikki oradagi tuproq uyumi qula¬tilgach, Zo‘ravor Favjdorga tashlandi. Shunda uning bo‘yi ikki qarich baland, gavdasi ham shunga yarasha ulkan ekanligi ko‘zga tashlandi. U Favjdorni tishi bilan urib, uch-to‘rt qadam nariga uloqtirib yubordi. Bhishan Chand qattiq chayqalib, yiqilishiga sal qoldi. Ammo Favjdor chaqqonroq edi, raqibining orqasiga aylanib o‘tdi. Zo‘ravor unga tomon o‘girila¬yotganida biqiniga tishlari bilan shunday urdiki, qoyaday zo‘r Zo‘ravor og‘riqdan darmonsizlanib gandiraklab ketdi. Bhishan shu paytdan foydalanib, Favjdorga:
— Che! O‘ngdan o‘t! Che! — deb navbatdagi zarbani qanday berishni o‘rgatdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:40:45
Favjdor raqibining o‘zini o‘nglashiga imkon bermay, old oyoqlariga ko‘tarildi-yu, uni o‘ng tomondan bor kuchi bilan tepdi. Filbon Gulmuhammad tepish zarbi bilan o‘rnidan qo‘zg‘alib, Zo‘ravorning peshonasi usitiga og‘ib tushdi. Shunda Favjdor xartumi bilan filbonni bir urdi-yu, yerga qulatdi.
Mahavatsiz qolgan Zo‘ravor orqaga chekindi. Gulmuhammad baland fil ustidan yerga chalqancha tushib, hushidan ketdi. Favjdor uni bosib, yanchib tashlashi mumkin edi. Shu payt otashdorlar mash’ala yoqib maydonga chopib kirdilar. Fillar har qancha g‘azabnok bo‘lsa ham, olovdan qo‘rqar edilar. Otashdorlar ularni bir-birlaridan ajratib, maydon chetiga chiqishga majbur qildilar. Gulmuhammadning beli singan, boshi, qo‘li qimirlar, ammo o‘rnidan tura olmas edi. Xizmatkorlar kirib uni ko‘tarib chiqayotganda Akbarning atrofidagi ko‘kaldoshlari va beklari:
— Muborak bo‘lsin, amirzodam! — deyishdi.
— Siz yengdingiz!
Filboni yiqilib tushgan tomon yutqizgan hisoblanardi. Bayramxon, «yutqizsam oqibati yomon bo‘l¬gay-ku!» degan o‘yni avvalroq xayoliga keltirmaga¬nidan, endi afsus qildi. Chunki uning atrofidagi bek-u a’yonlar bir lahza hang-mang bo‘lib jim turib qoldilar. Naryoqdagilar Akbarni tabriklayotgani baralla eshitildi. Akbar esa filbonidan minnatdor bo‘lib:
— Tasanno, Bhishan! — derdi. — Bhishan Chand¬ga bosh-oyoq sarupo, bir hamyon oltin hadya qilinsin! Hali bu botir mahavatga jogir ham in’om etgaymiz!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:41:02
Ko‘pchilikning oldida mag‘lub bo‘lganlari Bay¬ramxonning o‘zidan ham ko‘ra, uning yonida o‘ltirgan Valibek, Shohqulibek, shayx Gadoyilarga og‘ir botdi. Ular barcha martabalari va imtiyozlaridan ayrilib qolishlari mumkinligini aniq sezishdi-yu, olovlanib ketishdi:
— G‘irromlik bo‘ldi, janobi vakil! — dedi Shohquli mahram. Bu gapni boshqalar ilib ketishdi:
— Rost, kofir filbon g‘irromlik qilmaganda Zo‘ravor yengilmas edi.
— Fil qochgani yo‘q!
— Gulmuhammadni mayib qildi, noinsof!
Shayx Gadoyi Bayramxonga yuzlandi:
— Majusiy filbon muslim Gulmuhammadni mayib qilib ketavergaymi, janobi vakil? Bu ishi uchun ma¬jusiy yana mukofot ham olsa... Ertaga barcha kofir-u majusiylar muslimlarga qarshi bosh ko‘tarmagaymi?
— G‘irrom majusiyni jazolash lozim! — dedi Shohqulibek.
— O‘ldirish lozim! — dedi Valibek.
Bayramxon hech qanday g‘irromlik bo‘lmaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bo‘lsa ham, Akbarning Gul¬muhammadga achinmagani, uni mayib qilgan Bhi¬shan Chandga esa mukofot bergani katta bir adolat¬siz¬likdek tuyuldi. Bhishanni o‘limga buyurish ham ortiqcha bir shafqatsizlik bo‘lishini otalig‘ har qalay sezdi. Ammo bu filbonning adabini berib qo‘ymasa, Akbar va uning tarafdorlari juda hovliqib ketadigandek ko‘rindi. Bayramxon hali ham tojsiz podsho ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi. Filbon Bhishan Chand Gulmuhammadni mayib qilganligi uchun Bayramxon uni o‘rtacharoq bir jazoga — o‘n besh darra urishga buyurdi.
Akbardan mukofot olgan g‘olib filbonning Bay¬ramxon tomonidan jazoga buyurilishi — ikki oradagi ziddiyatning qanchalik keskin tus olganini oshkor qilib qo‘ydi. Odamlar Akbarning oraga tushishini va ota¬lig‘idan shafqat so‘rashini kutdilar. Ammo Akbar hozir og‘iz ochsa, otalig‘iga: «Men podshomen, bu adolatsizligingiz  uchun o‘zingizni jazoga buyurishga haqlimen!» deb yuborishi mumkin.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:41:19
Bayramxonning atrofidagi odamlar naqadar shaf¬qatsiz ekanini ko‘ra-bila bunday gapni aytish — yosh bolaning ishini qilish bo‘lar edi. Ular Akbarni ham bir kechada Turdibekka o‘xshatib o‘ldirib yuborishi yoki Pirmuhammad atkaning ahvoliga solishlari hech gap emas. Shuning uchun Akbar ichidagini ularga sezdir¬may, zimdan tayyorlik ko‘rishi kerak.
Ota-bobolardan o‘tgan sabr-bardosh unga yana ish berdi. Akbar tishini tishiga qo‘yib indamadi, otalig‘iga biron og‘iz so‘z qotmadi. Go‘yo beparvo yurib Zaraf¬shon bog‘iga qaytib ketdi. Faqat kech kirganda Bhi¬shan Chand ham boqqa kelib, darra zarbidan moma¬taloq bo‘lib ketgan yelkasini ochib ko‘rsatganda Akbarning g‘azabi keldi. Intiqomga to‘la past tovush bilan:
— Ular sizni emas, meni kaltaklashdi! — dedi. — Buning qasosi qaytgusidir!
Akbar kechasi bilan uxlay olmay to‘lganib, Bayramxonni hokimiyat tepasidan qanday ketkazishni o‘ylab chiqdi. Otalig‘i unga doim: «Yog‘iyni g‘aflatda qoldirib, sherday pusib borishga o‘rganing!» deb ta’lim berardi.
Akbar ana shu o‘gitga amal qildi-yu dilidagi niyatini Agradagi biror kishiga sezdirmadai. Uning uchun bexatarroq joy — Dehli edi. Eng ishongan kishilari ham hozir o‘sha yoqda. Akbar Bayramxonni hokimi¬yatdan ketkazish haqidagi qarorini Dehliga borib e’lon qilganda Agradagilar uning o‘rniga Komronnnig o‘g‘lini taxtga chiqarmasligi uchun Akbar Abulqo¬simni birga olib ketishi kerak.
Navro‘z yaqin edi, Akbar har bayramda onasidan xabar olib turar edi. U otalig‘iga shuni osoyishta turib aytdi, go‘yo oralaridan hech bir xafalik o‘tmaganday xayrlashishdi. Abulqosim esa ko‘pdan beri Akbarga
— Meni Dehliga birga olib keting, — deb iltimos qilib yurar, buni Bayramxon bilar edi.
Shuning uchun Akbarning bu gal amakivachchasini birga olib ketayotganidan Bayramxon ortiqcha bir shubhaga bormadi. «Xayriyat, filbonini jazolatganimga uncha xafa bo‘lmabdir, popugi bosilib, durust bo‘lib qolibdir», degan o‘y bilan Akbardan o‘zicha mamnun ham bo‘ldi.

_____________
* O t a sh d o r — olovdor degani. Fil jangini to‘xtatish kerak bo‘lsa otashdor maydonga kiradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:41:50
* * *

Biroq shundan keyingi voqealar xuddi daryo toshib, atrofini suv bosgandagiday tahlikali tus oldi. Toshqin goho shunday sekin boshlanadiki, qirg‘oqdan uzoqda turgan binolar, bog‘loqlik mollar tagiga avval ozgina loyqa suv o‘rmalab keladi. Biroq suv sathi to‘xtovsiz ko‘tarilib boradi. Toshqin uylarga yopirilib kiradi, loyqa suv ichida qolgan qantarig‘lik otlar no‘xtasini uzguday bezovta bo‘lib kishnaydi. Bir vaqt qarasangiz, toshqin avjiga chiqib, devorlarni qulatadi, odamlar va mollarni oqizadi, katta-katta pichan g‘aramlarini lapanglatib o‘rnidan qo‘zg‘atadi va ko‘tarib olib ketadi.
Navro‘z kunlari Bayramxonning xufiyalari Dehli¬dan keltirgan axborotlar toshqin suvning avval jimgina o‘rmalab kelganiga o‘xshadi. Akbar Kobuldan Munimxon degan begini, Bhiradan Shamsiddin atkani chaqirtiribdi. Dehli kutvali Shahobiddinga: «Davlatni o‘zim boshqarmoqchimen, otalig‘im iste’foga chiqsa mayli», degan ma’noda maktub yuboribdi. Yosh yigit, bu gapni Mohim enaga va Hamida begimlar ta’sirida aytgan bo‘lsa kerak, ammo hali davlatni boshqara oladigan darajada tajribasi yo‘qligi Bayramxonga ma’lum. Shuning uchun vakili saltanat bu gaplardan uncha tahlika-yu sarosimaga tushmadi. Faqat barcha viloyat hokimlari-yu poytaxtdagi a’yonlarni ichki kurash boshlanganidan xabardor qilib, maxfiy maktublar yubordi: «Akbar mirzoni siz-u bizga qarshi qo‘zg‘atayotgan g‘animlarimiz xuruj qilmoqda. Dehlidan noxush xabarlar oldik, navkar-u qurol-aslahani tayyor tuting, maydonga chiqish zarur bo‘lganda maxsus farmon yuborgaymiz, inshoollo, bizga qasd qilganlar past bo‘lg‘ay!»
Maxfiy devonning Muborak ismli boshlig‘i Ak¬barga sodiq kishi edi, Bayramxon yozdirgan bunga o‘xshash xatlardan nusxalar ko‘chirtirib, dehliga yashiriqcha yuborib turdi. Otalig‘ning har bir qadami Akbarga ma’lum ekanini Bayramxon hamal oyining boshlarida Akbar Dehlidan yuborgan maktubdan bildi. Mayin ipak qog‘ozga yozilgan bu maktub Bayramxonga uylarni bosib yiqitadigan va odamlarni oqizib ketadigan dahshatli bir toshqinday ta’sir qildi. «Muhtaram Bayramxon janoblariga» — deb boshlangan birinchi satrdanoq kuchli to‘fon Bayram¬xonning «otalig‘, vakili saltanat, xoni xonon» degan yuksak unvonlarini cho‘ktirib yuborganday tuyuldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:42:04
«Sizning boburiylar xonadoniga qirq yil davomida qilgan buyuk xizmatlaringiz olamga mashhurdir. Hazrat otam bilan biz sizning yaxshiliklaringizni doim munosib ravishda taqdirlashga intildik, dargohimizda eng yuksak e’zozda bo‘ldingiz, ko‘nglingiz tilagan ko‘p narsalarga erishdingiz, biz yosh bo‘lganimiz uchun to‘rt yildan beri vakili saltanat lavozimida davlatni boshqardingiz».
Akbar «buning hammasi endi o‘tmishga aylandi» degn ohang bilan yozgani Bayramxonni larzaga keltirdi. Nahotki buni Akbar o‘zi yozgan bo‘lsa? Mohim enagami? Hamida begimmi? Yo‘q, mana, satrlardan go‘yo Akbarning o‘z ovozi eshitila boshladi, Bay¬ramxon bu ovozni tanidi:
«Otalig‘ lavozimida bizga bergan tarbiyangiz, o‘rgatgan saboqlaringiz umrbod yodimizdan chiqmagay. «Bizning hammamiz haq oldida bo‘yin egurmiz, adolatni otamizdan ham baland qo‘ymog‘imiz kerak», degan so‘zlaringiz xotirimga naqshlanib qolgan. Men shu e’tiqodga tayanib ish qilmoqdamen. Ming afsuski, so‘nggi paytlarda manfaatga berilgan g‘arazli odamlar sizni o‘rab oldi. Shohqulibek sizga eng yaqin mahram bo‘ldi, u bilan Valibek ikkovi o‘zlarini podshodan ham baland tutib, biz bilan ot ustida turib obro‘ talashganda, bu odobsizlikka chek qo‘ymadingiz. Boshqalarga lak-lak in’omlar berib saxovat ko‘rgaz¬dingiz, bizning shaxsiy xarajatlarimizdan mablag‘ni tejab, mute qilib qo‘ydingiz. Qaysi birini aytayki, yomon odamlarni e’zozlab, bizga eng yaqin kishilarni tuhmat bilan jazolatdingiz».
Akbar ichiga yutib yurgan barcha alamlarini endi birdan to‘kib solgan, to‘g‘on ochilganda suv qirg‘oq¬larini bosgani kabi, Bayramxonning vujudini ichki tug‘yon chulg‘ab oldi. Akbar barcha gina-kuduratlarini aytib bo‘lgach:
«So‘z kor qilmasligiga qayta-qayta amin bo‘lga¬nimdan so‘ng, hokimiyatni o‘z ilkimga olishga qat’iy qaror berdim, — degan edi. — Bugundan e’tiboran xazinachiga farmon yuborildikim, bizning muhrimiz va ruxsatimizsiz hech kimga biron tanga pul berilmasin, barcha davlat mahkamalari faqat bizning ko‘rsatmamiz bilan ish olib borsinlar.
Siz menga davlat ishlaridan charchaganingizni, tinch bir go‘shada dam olgingiz borligini, hajga bormoqchi ekanligingizni aytgan edingiz. Endi bu niyatlaringizni bemalol amalga oshirmog‘ingiz mumkin. Siz jahonda tanilgan badavlat odamsiz, atrofingizdagi manfaatparastlardan tezroq xolos bo‘lmog‘ingiz uchun hajga borishingiz maqsadga muvofiqdir. Sizning be¬xatar haj qilib kelishingiz uchun zarur bo‘lgan barcha qo‘riqchilar tayin etilgusidir, hamma ehtiyot choralari ko‘rilgusidir. Farmon berdikkim, sizning mol-u mul¬kingizga hech kim daxl qila ko‘rmasin. Qandahor ham jogiringizdir. Uy-joyingiz, xizmatkorlaringiz — hammasi o‘z ixtiyoringizda qolg‘ay.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:42:25
Agar bizga imkon bersangiz, sizni hamisha otamiz o‘rnida e’zozlagaymiz, barcha tajovuzlardan himoya qilgaymiz.
Siz meni qat’iyatga o‘rgatgansiz. Shogirdingiz o‘z vazifasini ado etishga qat’iy kirishganda, bundan xafa bo‘lmassiz, balki yordam bergaysiz degan umiddamen»...
Bir payt Hoji Muhammad Seyistoniy sarosima ahvolda Bayramxonning oldiga kirib, o‘zining vazirlik lavozimidan bo‘shatilganini aytdi va Akbarning bu haqidagi maxsus farmonini ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay juma namozidan qaytgan shayx Gadoyi:
—  E-voh, bizni ham sadrlar suduri lavozimidan bekor qildilar! — deb titrab-qaltirab xabar berdi. — Sunniyparastlar meni «rofiziy» deb toshbo‘ron qilishlariga sal qoldi. Shayx Ansoriy sunniylarni bizga qar¬shi qo‘zg‘atib, o‘zi g‘oliblardek tantna qilmoqda! Bu ne bedodlik, janobi Bayramxon?! Sizni Akbar vakili saltanat lavozimidan olib tashlaganini Ansoriy masjidda yigirma ming namozxonga e’lon qilganda, dushmanlaringiz: «O-o! Xudoga shukur!» deb yubordilar.
Shohquli mahram ham barcha imtiyozlaridan mahrum etilganligi haqida farmon oldi-yu, uni yirtib-yirtib oyoqlari bilan tepkiladi:
— Mana, mana, Akbarning farmoni! Biz uning o‘zini taxtdan ag‘dargaymiz! O‘rniga boshqa temuriyzoda topilgay!
Shohquli mahram Komronning o‘g‘li Abulqosimni izlay boshladi. Shunda Bayramxon Abulqosimni Akbar Dehliga olib ketganini esladi...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:42:39
Zimdan puxta tayyorlangan bu to‘ntarish Bay¬ramxonni esankiratib qo‘ydi. Selday yopirilib kelayotgan o‘zgarishlarni tahlil qiladigan ahvolda emas, nuqul kuyib yonadi. Atrofidagilar esa butun aybni Akbarga to‘nkab, olovga moy sepganday isyonkor gaplar qilishadi:
— Bu quturgan amirzodaning jazosini bermoq kerak!
— Hajga o‘zi borsin!
— Axir haj yo‘lida o‘ldirilganlar ozmi?
Bayramxon barcha yaqinlariga va oila a’zolariga darhol ko‘ch yig‘ishtirishni buyurdi. Muhtasham ko‘shklarda,  Hasht Bihisht bog‘ining chamanzorlari orasida davron surib yurgan mingdan ortiq odam bugun xuddi uy-joylarini suv bosayotganday shitob bilan Agradan ko‘cha boshladilar.
Bayramxon Akbardan xat keltirgan Adhamxonni chaqirdi va unga o‘zining qisqagina javobini tutqazdi:
«Amirzoda! Men haj yo‘lida halok bo‘lishni istamaymen. Otangiz Qandahorda ekanida inilari uni hajga jo‘natmoqchi bo‘lishganini onangiz Hamida begim yaxshi eslatsalar kerak. Siz o‘shanda beshikda edingiz. Otangiz hajga borishning o‘lim bilan tugashini bilgani uchun hatto beshikdagi yolg‘iz o‘g‘lini tashlab, Qazvinga ketgan va o‘sha yoqlarda jon saqlagan edi. Uni hajga quvmoqchi bo‘lganlar — oxir-oqibatda o‘z qilmishlarining jazosini olganlari sizga ma’lum. Bu achchiq saboqni unutib bo‘lmagay. Men sizga mehrimni berdim, farzandimdan ziyod ko‘rdim. Oqibat shu bo‘ldimi?»
Bayramxon xatining oxiriga alamli bir ruboiysini ilova qildi:

«Avval meni xizmatingga mahram qiding,
Bazming aro hamzabonu hamdam qilding,
Oxir yana iltifotni kam qilding
Rasvoyi tamomi ahli olam qilding».
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:43:20
* * *

Adhamxon ko‘ka bu javobni dehliga yetkazib borganda Bayramxon Jamna va Ganga oralig‘idagi duoba* yo‘llari bilan Laxo‘rga qarab ketmoqda edi. Uning odamlari:
— Siz Laxo‘rga kirishingiz bilan Laxo‘rning bek-u navkarlari Akbarga qarshi bosh ko‘tarurlar! — deb ishontirgan edilar. Savr oyining isiq kunlarida salkam oltmish yoshli Bayramxon har kuni otda ellik mildan* yo‘l bosib, to‘rt kunda Sirhindga yaqinlashdi.
Bu orada Akbar va Pirmuhammad atkalar Deh¬lidan yo‘lga chiqishgan ekan. Laxo‘rga Dehli yaqinroq bo‘lgani uchun ular Sirhindga oldinroq yetishgan va Laxo‘rning yo‘lini to‘sishga ulgurishgan edi. Bhiradan Shamsiddin atka odami bilan Akbarga kelib qo‘shildi. Sharqdagi Kalpidan kelgan Aliqulixon janubdagi Mal¬vadan chaqirilgan Bahodirxonlar ham Akbar tomoniga o‘tganligi ma’lum bo‘ldi. Bayramxon yakkalanib qoldi. «Panjobda hamma bizga qo‘shilib isyon qilgay!» degan karomatlar yolg‘on chiqdi.
To‘rt kun qattiq issiqda shosha-pisha yo‘l yurishdan xotinlar va bolalar urinib, kasallanib qolishdi. Bundan narida xavf-xatar behisob. Shuning uchun Bayramxon Salima begimni, Noziya bibini, to‘rt yashar Abdurahim va boshqa bola-chaqalarini Sir¬hindda qoldirdi-da, o‘zi mingdan ortiq sodiq kishilari bilan janubi sharqdagi Bikanirga yo‘l oldi.
Orqadan Akbarning to‘rt sarkardasi birlashib, Bayramxonnikidan uch barobar katta qo‘shin bilan ta’qib etib kelmoqda. Shu orada choparlar Bayram¬xonga Akbarning yana bir maktubini keltirib berishdi.
«Bizning saroyimiz ham, dilimiz ham siz uchun hamon ochiq, — deb boshlanardi Akbarning maktubi.— Siz zamonaning eng buyuk donishmand siymosi bo‘lganingiz uchun biz sizni xonbobo deb ulug‘lar edik. O‘sha ehtiromimiz hali ham yo‘qolgan emas. Kuchlar nisbatini ko‘rib turibsiz. Agar siz yengilsangiz, men uchun ham bu qora kun bo‘lg‘ay. Chunki ota-boladay odamlarning bir-biri bilan jang qilib, qon to‘kishini xudo ham kechrimagay, tarix ham. Ochiq aytay: men siz bilan urushishni istamaymen. Birinchi bo‘lib o‘q otmaslik haqida farmon berganmen. Sizdan iltimos, ado¬vat yo‘lidan qayting. Bir vaqtlar mening hazrat otamni inilari bilan yarashtirgan paytlaringizni eslang.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:43:45
Og‘a-ini adovatiga astoydil qarshi turgan mas’ud damlaringizni menga so‘zlab berganlaringiz yodimda turibdir. Hajga borgingiz kelmasa saroyga qayting, biz sizni eng yuksak e’zoz bilan kutib olgaymiz, barcha unvonlaringizni tiklagaymiz».
Bu maktub ta’sirida Bayramxonning Akbar bilan ota-boladay yaqin bo‘lgan paytlardagi iliq tuyg‘ulari uyg‘ondi. «O‘zim elchi bo‘lib, o‘rinsiz adovatlarni bartaraf qilib yurgan edim-ku, endi menga ne bo‘ldi?» deb dilidagi kuduratni bosishga urindi.
Ammo bek-u a’yonlarini mashvaratga chaqirib, ularning fikrlarini eshitgan sari yana avzoyi o‘zgara boshldai.
— Biz taslim bo‘lsak, Pirmuhammad atka qasos olmaguncha tinchimagay! — dedi Valibek. — Akbarga bildirmay o‘ldirib yuborish iliklaridan kelmagaymi?
Shayx Gadoyi so‘z oldi:
— Bu maktubni ham Pirmuhammadga o‘xshagan ayyor tulkilar yozgan! «Adovat yo‘lidan qayting» emish. «tarix ham, xudo ham kechirmagay» emish! Yosh yigit otasidan katta Bayramxonga bundoq aql o‘rgatgani kulgili emasmi?
Yaqin odamlarining bu gaplari ham Bayramxonga asosli tuyuldi. Akbar o‘zi Hisor Feruz  degan joyda turgani ma’lum. U Bayramxon bilan urushishni o‘ziga ep ko‘rmayotgani rost bo‘lishi mumkin. Lekin hozir Akbarning qo‘shiniga Pirmuhammad atka boshchilik qilmoqda. Bayramxon Akbarga yozgan javobida: «Siz menga qarshi turgan to‘g‘onlarni ochib yubordingiz, endi bu toshqinni o‘zingiz ham idora etolmagaysiz! — dedi. — Men Pirmuhammad atka kabilarga taslim bo‘lib, xor-zorlikda o‘lgandan ko‘ra jang maydonida mardona halok bo‘lishni afzal ko‘rgaymen».
Akbar bu javobni olgandan so‘ng, oldingi safga Pirmuhammadni emas, Shamsiddin atkani qo‘ydi va «iloji boricha urushmang!» deb farmon berdi. Pxilaur degan joyda Shohquli mahram boshliq qizilboshlar Shamsiddin atkaning qo‘shiniga to‘satdan hujum qildi. Shamsiddin atka Akbarning buyrug‘iga bo‘y¬sunib, o‘q otmadi va chekindi. Ammo «yog‘iy mag‘lub bo‘lib chekindi» deb ruhi ko‘tarilgan Shoh¬quli mahram hujumni yanada kuchaytirdi. Gunakur degan joyda Shamsiddin atkaga Pirmu¬hammad va Aliqulixonlar o‘z qo‘shinlari bilan yordamga yetib keldilar. Ular Shohqulibekni uch tomondan qurshab olib, qilich bilan chopib tashladilar. Bayramxon boshqa sodiq kishilarini qutqarish uchun yov otliqla¬riga qarshi ellikta mast filni jangga soldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:44:04
Biroq bu fillarni minib borayotgan filbonlar orasida keksa La’l Chandning tarbiyasini olgan, uning o‘g‘li Bhishanga do‘st bo‘lgan, shu tufayli Akbarga zimdan yon bosadigan hind mahavatlari bor edi. Ular mast fillarning yo‘l tanlamasdan botqoqlik orqali hujumga borayotganini sezsalar ham, o‘zlarini sezmaganga soldilar. Oldingi fillar botqoqqa botib yurolmay qoldilar. Orqadagilari boshqa yoqqa burilib, to botqoq¬likni aylanib o‘tgunlaricha Pirmuhammad atka va Aliqulixonlar Valibekni ham, Bayramxonning boshqa yuzlab bek-u navkarlarini ham qirib tashladilar. Bayramxon qolgan qutgan ozgina odami bilan tog‘ tomonga chekindi va qoyatosh ustiga qurilgan Tilvor qal’asiga kirib, uning darvozasini bekittirdi.
Qasoskor Pirmuhammad atka qal’ani uch ming qo‘shin bilan o‘rab oldi. Agrada boshlangan suv toshqini go‘yo shu tog‘largacha ko‘tarilib kelganday bo‘ldi. Qal’a nochor, zahira yo‘q, Bayramxonning elliktagina odami qolgan. Pirmuhammad atka boshliq qo‘shin bu qal’aga selday yopirilib kirishi va Bay¬ramxonni halok etishi yoki asir olib, qo‘lini orqasiga bog‘lab chiqishi muqarrar edi...
Bu dahshali toshqinni boshlagan Akbar uni chindan idora etolmay qoldi-yu, uzoqdan turib, Bay¬ramxonga yana yordam qo‘lini cho‘zdi.
Oq bayroq ko‘targan elchi Akbarning qisqagina maktubini qal’aga olib kirib, Bayramxonga topshirdi. Xatning boshidagi:
«Xonbobo! — so‘zi Bayramxonga mas’ud kunlarini eslatib, vujudiga nurli bir harorat berganday bo‘ldi.— Ishoning, xonadonimizga qilgan avvalgi yaxshiliklaringizni men keyingi dilsiyohliklarning barchasidan baland qo‘ygaymen. Sizning qoningizga tashna qasoskorlar borligi rost. Menga imkon bering, sizni ularning tajovuzidan qutqaray. Ne shartingiz bo‘lsa, ayting, faqat endi adovatni bas qilaylik, boshqa qon to‘kilmasin. Bu farmon emas, balki iltimos!»
Bayramxon Akbar cho‘zayotgan qo‘lni bu gal qaytarolmadi. Akbar uni faqat vaqtincha qutqarishi va himoya qilib turishi mumkin, Bayramxon buni bilardi. Ammo lashkarboshi bo‘lib olgan Pirmuhammad atka Bayramxonni yo‘q qilmaguncha tinchimasligi aniq edi. Javob xatida Bayramxon Akbarga faqat bittagina iltimosini aytdi: «Pirmuhammad atka mendan iloji boricha uzoqda yursin. Munimxon, xolisroq odam kelib meni huzuringizga olib borsa, qaytishga rozimen».
Oradan ikki kun o‘tgach, Tilvor qal’asini qamal qilib yotgan qo‘shin Akbarning farmoni bilan Agraga qaytarildi. Oltmish yashar nuroniy mo‘ysafid Munimxon Bayramxonni Tilvordan olib chiqqanda suv toshqini go‘yo bosilgan, hammayoq tinchib qolgan edi.

______________
* D u o b a — ikki suv oralig‘i.
* E l l i k  m i l — sakson kilometrga yaqin.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:45:06
* * *

Bir vaqtlar Humoyunning Komron bilan yarashgan paytini ko‘rgan Akbar, saroyga Bayramxon qaytadigan paytda oyoq tagiga chiroyli poyandoz to‘shatdi. Bayramxon shu poyandoz oldiga kelib otdan tush¬di-yu, Akbarning taxti qo‘yilgan joygacha yuz qadam masofani qirmizi poyandoz ustidan yurib bordi. Akbarga yaqinlashganda bir tizzasini yerga qo‘yib yukunmoqchi bo‘ldi. Shunda Akbar unga peshvoz chiqib, qo‘lidan oldi-da, o‘rnidan turg‘azdi, unga quchoq ochib:
— Xonbobo! — dedi.
Bu qadar iliq munosabatni kutmagan Bayramxon Akbarni bag‘riga olib, yuzini uning yelkasiga bosdida, yig‘lab yubordi.
— Amirzodam!.. O‘sha ming otliq arava.. meni olib qochib ketgan ekan... Keyin bildim...
— O‘tgan ishga salavot! — dedi Akbar va atrofla¬rini o‘rab turgan bek-u a’yonlariga yuzlandi. — Janoblar, bugundan e’tiboran otalig‘imizning xoni xonon unvonlari qayta tiklandi. Hammangiz xoni xonon janoblarini bizning ma’naviy otamiz o‘rnida ko‘rib, munosib ravishda e’zozlagaysizlar!
Ertasi kuni shu ma’noda maxsus farmon yozilib, barcha viloyatlarga yuborildi. So‘zda Bayramxonning avvalgi mavqeyi tiklandi. Lekin amalda Bayramxon¬ning raqiblari Akbarning pinjiga kirib olishgan.
Mavqeyi baland Pirmuhammad atka Bayramxon bilan yakkama-yakka duch kelib qolsa achchiq kino¬ya¬lar qiladi:
— Xoni xonon janoblari bizni bir piyola suv kabi chimchiloqlari bilan to‘kib-sochib yubormoqchi edilar... Lekin taqdir ekan, aksi bo‘ldi!..
Bayramxonni hokimiyat hovliqtirgan paytida chindan katta ketib aytgan gaplari endi uni o‘sal qiladi-yu, atkaning bu kinoyalariga daf’atan, javob topolmaydi. Ammo uyga qaytganda, dardini qog‘ozga to‘kib she’r yozadi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:46:10
Bayramxonga base g‘ariblik kor etdi,
G‘urbat ani xor-u zor-u bemor etdi.
Yo rabki, balolarga giriftor o‘lsun
Har kimki ani g‘amga giriftor etdi.

Dushmanlari saroyda yana uning ustidan kulmoq¬chi bo‘lganlarida Bayramxon shu o‘tkir satrlarni ularga go‘yo nayza qilib otdi. she’riy nayza Bay¬ramxonni xor-u zor qilib alamdan chiqayotgan Pirmuhammad atkaning qulog‘iga yetganda uning joni chiqib ketdi:
— Bu — qarg‘ish-ku! — dedi atka va she’rni yaxshilab ko‘chirtirdi-da, Mohim enagaga eltib ko‘rsatdi: — Qarang, biz Bayramxonni amalidan tushirganimiz uchun hammamizni «balolarga giriftor bo‘linglar!» deb qarg‘abdir!
— Faqat bizni emas, podshohni ham qarg‘agan! — dedi Mohim. — Axir Bayramxonni hokimiyat tepasidan ag‘darib g‘amgin qilgan eng ulkan odam Akbarshoh emasmilar?!
— Naqadar donosiz, Mohim! Podshohimizni bu she’rdan o‘zingiz ogoh qiling, otalig‘ining chayonday chaqishini bilib qo‘ysinlar!
Mohim enaga hozir Akbarning eng ishongan kishisi bo‘lib qolgan edi. Bayramxonning she’ri saroyda qanaqa gap-so‘zlarga sabab bo‘layotganini Akbarga aytib berdi:
— Bayramxonga shuncha yaxshilik qilsangiz ham, qarg‘ishini qo‘ymaydilar! Ilohim siz-u bizga tilagan balolari o‘ziga ursin!
Akbar Mohim enagaga bolaligidan ishonib o‘rgangan. Enaganing shu izohi ta’sirida Bayramxonning she’ri unga ham qarg‘ishday tuyuldi. Otalig‘i o‘zining boshiga o‘zi kulfat keltirganini nega o‘ylamaydi? Agar uyida Salima begim ham Bayramxonni g‘amga giriftor qilayotgan bo‘lsa, buni nega o‘zidan ko‘rmay, boshqalarga yomonlik tilaydi?
Shu gaplar ta’sirida Akbar bilan Bayramxonning orasiga yana sovuqlik tushdi. Bayramxonni hajga jo‘natish haqidagi gap qayta qo‘zg‘aldi. Akbar bu gapga na «ha», na «yo‘q» demas, lekin uning sukuti — rizolik alomati ekanini ko‘pchilik sezadi. Bayramxon fisq-u fasodga to‘lgan saroydan ketmasa bo‘lmasligini sezdi-yu, odamlariga ko‘ch yig‘ishtirishni buyurdi. Jo‘nashiga bir kun qolganda Akbarning xonayi xosiga kirdi.
Akbar uning g‘amgin va kasalmand yuziga qarab o‘ng‘aysizlandi.
— Nahotki bizni butunlay tark etmoqchi bo‘lsangiz? Axir biz... sizning ko‘magingizdan... yaxshi maslahatingizdan umidvor edik.
— Maslahatgo‘ylaringiz yetarli, amirzodam.
— Ammo bu hokimiyat... siz aytgan ming otliq arava... Meni shoshirib qo‘ymoqda!.. Uni olishdan ham boshqarish mushkul ekan...
Akbar endi yoshlikdagidek samimiy gapirgani uchun Bayramxon ham unga iliq javob berdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:46:47
— Ota-bobolaringizga umr bo‘yi azob bergan bu arava hali sizning boshingizga ham ko‘p kulfatlarini solsa kerak. Maslahat shulki, tizginlarni mendan tor¬tib oldingiz, endi boshqalarga bermang. Mendek odamni hovliqtirgan hokimiyat Mohim enagadek ayol kishini yoki Adhamxondek yigitchani xato yo‘llarga olib kirib ketishi hech gap emas. Aravani haydaydigan odam uning ustida o‘ltirsa ham, «aravakash», ya’ni aravani tortib boruvchi hisoblanadur. Kecha-yu kunduz shu ming g‘ildirakli aravani o‘zingiz tortib bora¬yotgandek mehnat qilmasangiz murodga yetolmagaysiz. Hamma ishda tanaffus bo‘lmog‘i mumkin, ammo hokimiyat aravasi kecha-yu kunduz tinimsiz yurgay, sal bexabar qolsangiz manfaatparastlar uni boshqa tomonga burib ketgaylar yoki tashqi g‘animlar g‘aflat paytida kelib tortib olgaylar.
Akbar Bayramxonning so‘zlarida katta bir haqiqat borligini dil-dilidan sezib, og‘ir tin oldi:
— Bu so‘zlaringizni ham, menga qilgan barcha yaxshiliklaringizni ham unutmagaymeng, xonbobo. Mendan ne talabingiz bor, buyuring, bajonidil ado etay!
Bayramxon boshini solintirib bir lahza jim qoldi. Akbarning dil yorib gapirgani unga ham eng yashirin dardini aytish imkonini berdi:
— Siz yosh bo‘lsangiz ham, hozir menga sirdoshsiz. Yoshlikda bergan ko‘ngil unutilmas bir balo bo‘lur ekan. Keksayganimda yoshlik olovini dilimda qaytadan yondirmoqchi bo‘ldim. Lekin bu mumkin emas ekan... O‘zimni ham, Salima begimni ham behuda azoblarga qo‘yganimni keyinroq fahmladim. Noziya bibi — o‘g‘lim Abdurahimning onasi... Menga mehri yaxshi... Uni birga olib ketgaymen. Salima begim Agrada qolgay... Mening dushmanlarim naqadar ko‘pligi sizga ma’lum. Agar kunim bitsa... umidim borki, Salima begimni siz himoyasiz qoldirmassiz...
Bo‘g‘iq tovush bilan vasiyatga o‘xshatib aytilgan bu so‘zlardan Akbarning eti jimirlab ketdi:
— Xonbobo, sizni tangrim o‘zi asrasin! Men sizga keragicha qo‘riqchilar bergaymen, safaringiz bexatar bo‘lishi uchun barcha choralarni ko‘rgaymiz. Ammo albatta qaytib keling, biz sizni kutgaymiz!
Bayramxon bosh chayqadi:
— Endi qaytolmasam kerak! Endi qolgan umrimni shoir bo‘lib o‘tkazmoqchimen. Men turkman elidanmen. Shu elga qaytsam, zora eldoshlarim meni o‘zla¬rining shoirlari deb qabul qilsalar... endi... alvido!
Ular ma’yus vidolashdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:47:17
* * *

Bir vaqtlar Zarafshon bog‘ida bog‘bon bo‘lgan Muborizxon (avvalgi Afzalbek) Akbar va Pirmuhammadning gaplarini Bayramxonga yetkazib yurib uning yaqin odamiga aylangan edi. Biroq Bayramxon yengilib, Akbarga eng yaqin odam — Adhamxon va uning onasi Mohim enaga bo‘lib qolganini ko‘rgan Muborizxon, hamon Bayramxonning xizmatida yurgan bo‘lsa ham, endi uning ichki sirla¬rini Adhamxonga yetkazib turdi va uning sodiq xufiyasiga aylandi.
Adhamxon kelajakda Bayramxon kabi vakili saltanat bo‘lish orzusida edi.  Buning uchun avval Bayramxonni, undan so‘ng Munimxonni yo‘q qilish fikriga tushgan. Muborizxon shu rejalarni amalga oshirishda unga astoydil xizmat qilsa Adhamxon uni haligacha ushalmay kelayotgan orzulariga yetkazishi, katta amal va mulk in’om etishi mumkin.
Muborizxon Bayramxonning eng ishonchli xizmatkorlari qatorida safarga birga chiqdi. Adhamxon unga Ahmadoboddan naridagi Patan shahrining kutvali Musaxon Pulodiy bilan yashirin aloqa bog‘lashni buyurdi. Patan Gujarat podshosiga qarar, bu yerda Akbarning hukmi o‘tmas edi. Adhamning oshnasi Musaxon esa Agrada Bayramxon bilan chiqisholmay, poraxo‘rlikda ayblanib, to‘rt yil burun Patanga ketib qolgan, ammo Adhamxon bilan haligacha maktub yozishib turar edi. Endi Adhamxon bilan Pirmu-hammad atka Bayramxonni Patanda o‘ldirish rejasini shu Musaxon bilan til biriktirib tuzdilar. Muborizxon ikki orada maxfiy vositachi vazifasini o‘tadi.
Rejani bevosita amalga oshiradigan qotillar — bundan besh yil oldin Sirhinddagi jangda buyruqni bajarmagani uchun Bayramxon tomonidan qatl ettirilgan Muzaffar Lohanining qarindoshlari orasidan tanlandi. Bayramxon hajga boradigan mo‘ysafidlar kabi oq so‘f* rido kiygan, qurol-yarog‘i yo‘q. Uning shuhrati butun Hindistonga tarqagan, Ajmir va Ahmadobod orqali Patangacha bo‘lgan bir oylik yo‘l davomida Bayram¬xonni yaqindan bir ko‘rishga, uning ikki og‘iz so‘zini yoki biron bayt she’rini eshitishga ishtiyoqmand odamlar to‘da-to‘da bo‘lib atrofini o‘rab olishar edi.
To‘planganlar orasida, albatta, uning boshiga tushgan kulfatlar va mag‘lubiyatlarni ham eshitgan, «hokimiyatdan quvilgan katta amaldorning ahvolini bir ko‘rib qo‘yaylik!» deb sovuq sinchkovlik bilan ti¬kiladigan noxayrixohlar ham yo‘q emas. Bayramxon ayniqsa shularni yomon ko‘rardi. U shon-shuhratning og‘ir yukidan ham bezgan, iloji bo‘ganda yolg‘iz sayr qilgisi, yangi she’rlar va dostonlar haqida o‘y surgisi kelardi. Patan kutvali Musaxon Po‘lodiy eski xafagarchiliklarni unutganday bo‘lib, Bayramxonni go‘yo iliq qarshi oldi, unga shahar chetidagi ko‘kalamzor va xilvat o‘rmonzorlarni ko‘rsatdi.
Shimoliy o‘lkalarda qish chillasi boshlangan bo‘lsa ham, Patanda havo xuddi ko‘klam paytidagidek, so‘lim, g‘arb tomonda uncha uzoq bo‘lmagan dengizdan sarin shabada esib turardi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:47:32
Bayramxon mana shu gashtli havoda o‘rmon ichida yolg‘iz sayr qilishga chiqdi. Jamol va boshqa qo‘riqchi yigitlariga javob berib yubordi. Bayramxon¬ning yonida faqat «sadoqatli» Muborizxon qoldi. U esa Muzaffar Lohanining o‘g‘li Muborak bilan yashiriqcha uchrashib til biriktirib qo‘ygan edi.
Serbarg jamn* va amalbed* daraxtlari orasidan yigirma-o‘ttizta odam chiqib kela boshlaganda Bayram¬xon: «Sinchkov tomoshabinlar shu yerda ham tinch qo‘yishmaydi-ya!» — deb xiyol ranjidi. Ammo atrofini o‘rab kelayotgan odamlarning vajohati qo‘rqinchli ekanini ko‘rib seskanib ketdi.
— Muborizxon! — deb hamrohini chaqirdi.
Biroq Muborizxon uni xundor dushmanlariga tutib berib, o‘zi allaqachon g‘oyib bo‘lgan edi. Bayramxon yigitlardan birining qo‘lida sovuq yiltiragan ikki uchli xanjarni ko‘rdi. «Jamudxar» deb ataladigan bu dahshatli xanjarning sopi qaychinikiga o‘xshar, ikki uchi badanga sanchilgach, har ikki dastasi barmoqlar bilan qisilar va a’zolarni qaychiday qirqib, qiymalab, odamni til torttirmay o‘ldirardi. Bayramxonning sarosimali xayolida Panipatdagi chodirda o‘ldirilgan Turdibek gavdalandi. Uning ham biqiniga mana shunaqa ikki tig‘li xanjar sanchilganda, bechora ko‘zlari kosasidan chiqqudek qiynalib, ingrab jon bergan edi.
Ammo hozir ikki uchli jamudxar baland bo‘yli mo‘ylovdor afg‘on yigiti Muborak Loxanining qo‘lida edi.
— Mening otamni sen Sirhindda qilich bilan chopdirgan eding, qotil! — deb Muborak jamudxar tutgan qo‘lini baland ko‘tardi. — Endi qasos qaytgay!
Bayramxonning nazarida, ikki tig‘ uning ikki ko‘ziga sanchiladigandek ko‘rindi. Bayramxon qo‘llari bilan yuzini to‘sdi-da, ketiga tisarildi. Orqadan bostirib kelgan yigitlar uni Muborak tomonga qattiq itarib yubordilar. Bayramxon chirpirak bo‘lib uchib, Muborakka yelkasi bilan urildi. Shu payt ikki tig‘li xanjar uning ikki kuragi ostiga g‘archillab sanchildi...
Qon to‘kib quturgan qotillar Bayramxonning xotini bilan bolasini ham o‘ldirmoqchi va bor-budini talamoqchi bo‘ldilar. Lekin Jamol boshliq turkman yigitlari Noziya bibi bilan Abdurahimni Patandan sog‘-salomat olib chiqib ketdilar. Bayramxonni qonga belangan kiyimi bilan sallasiga o‘rab Patanda shahidlardek dafn etdilar*.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:47:44
Otasidan ayrilib Agraga yig‘lab qaytgan Abdura¬himni Akbar qo‘liga ko‘tarib, bag‘riga bosdi:
— Mendan ham xatolik o‘tdi, otalig‘imni hajga yubormasam bo‘lardi!.. Endi otangga uzolmagan qarz¬larimni senga uzgaymen, Abdurahimjon!
Akbar bugungi bosh vazir Munimxonga buyurdi:
— Maxsus farmon yozdiring: Abdurahimni men farzandlikka olurmen. Podshoh o‘g‘liga qanday ki¬yim-u taom, qancha xizmatkor-u ulufa lozim bo‘lsa hammasi tayin etilsin.
Hali Akbarning o‘zi farzand ko‘rmagan o‘n to‘qqiz yoshli yigit bo‘lgani uchun u Abdurahimni farzandlikka olgani ba’zilarga erish ko‘rindi. Lekin uning eng yaqin ko‘kaldoshi Azizxon Abdurahimga bek atka qilib tayin etildi. Gulafshon bog‘i soqchi va xizmatkor¬lari bilan Abdurahimning ixtiyoriga berildi. Agraning eng fozil odamlari Abdurahimni shahzodalarday tarbiyalab parvarish qila boshladilar.
Bayramxonga aza tutib qora kiygan uch xotinidan biri Salima begim bo‘ldi. Akbar otalig‘ining Agradagi uyiga fotihaga borganda ichkari hovliga kirib Salima begimdan ko‘ngil so‘radi. Hamida begim Salimaning oldida o‘tirgan ekan. Yosh beva yum-yum yig‘lab dedi:
— U kishi o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasdimi? Koshki bizda ham sati* odati joiz bo‘lsa, men ham o‘sha olovda kuyib kul bo‘lganim yaxshi edi!
Endi o‘n sakkiz yoshga kirgan juvonning bunchalik kuyinishi Hamida begimni taajjubga soldi:
— Voy, Salimajon, sizga ne bo‘ldi? Hali gulday yoshligingiz turibdir...
— Ochilmay so‘lgan gul endi kimga kerak, hazrat begim?! Baxtim qora bo‘lmasa shu kunlar boshimga tusharmidi?!
Akbar Salimaning nega bunday deyayotganini tushunib turardi. U endi o‘zini Akbarga nomunosib sezib shunchalik kuyunmoqda edi. Lekin Akbarga u hali ham avvalgiday go‘zal ko‘rinar, uning dardini Akbar dil-dilidan sezgani sari ko‘ngli buzilib, tomo¬g‘iga yosh tiqilib kelardi.
— Salima, — deb Akbar ovozi olinib gapirdi, — men sizni o‘shanda himoya qila olmadim... O‘zimni haligacha gunohkor sezurmen... Vaqti kelgay, bu gunohimni albatta yuvgaymen.. Tuprog‘imiz bir joydan olingan, toleimiz ham bir bo‘lg‘ay!..
Bu gaplar Salima begimga tasalli berdi, ammo Hamida begimni o‘ylantirib qo‘ydi. Nahotki Akbar shu bevani olmoqchi bo‘lsa?
Bayramxonning yigirmasi, qirqi va boshqa maro¬simlari o‘tgach, Salima azadorlik kiyimlarini yechdi. U Hasht Bihisht bog‘ida kuzgi gullar qiyg‘os ochilgan paytlarda bodom gulli qabo kiyib yurganini Akbar ko‘rdi-yu, onasining oldiga bordi. Tomoq qirib, iymanib gap boshladi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:47:59
— Bir vaqtlar Salimani kelin qilish orzusida edingiz, onajon...
Hamida begim afsus bilan:
— Nasib qilmagan ekan-da, — dedi.
Akbar hozir otasidan ham durkun va ko‘hli yigit bo‘lgan. Salima begim Bayramxonga uzatilgan yillari Hamida begim o‘g‘liga marhum Hindol mirzoning qizi Ruqiya begimni olib bergan edi. Lekin Akbar unga ko‘ngilsiz, uch yildan beri farzand ham ko‘rishmadi. Hamida begimning nevara ko‘rgisi keladi. Ak¬bar shohlik udumiga binoan yana uylanishi mumkin. Hamida bonu Salimani ilgari suygan bo‘lsa ham, endi «taqdiri qo‘shilmagan ekan, Akbarday yigitga bevani olib beramanmi?» deb yaqinlashtirgisi kelmaydi. Biroq Akbar Salimaga ko‘ngli borligini onasiga aytib:
— Men uni o‘z... himoyamga olmoqchimen, — dedi. — Odamlar ne desa desinlar. Ammo xonbobo¬ning dushmani ko‘p, alamini Salimadan oladiganlar ham topilgay. Xonboboning o‘zi buni menga aytib ketgan edi. Uning ro‘yi-xotiri uchun ham Salimani himoya qilmog‘im kerak.
— Bilamen, siz olijanob bo‘lmoqchisiz. Lekin ko‘ngil ishi nozik, Akbarjon... Uch yil birovning nikohida bo‘lgan beva...
Akbar ozorlanib dedi:
— Buni menga eslatmang! Boshqalar shunday desa ham siz bilan biz haqiqatni bilamiz-ku... Salima bizni deb o‘sha dargohga ketgani nahotki esingizdan chiqqan bo‘lsa? «Yaxshilikni qaytarish oson emas, bu ham qurbon talab qilgay», degan gapni o‘zingiz menga aytgan emasmidingiz?
Hamida begim endi o‘zining shu gapiga amal qilmay iloji qolmadi va to‘y tayyorligiga kirishdi. ma’lum sabablarga ko‘ra to‘y shovqin-suronsiz, kamtargina bo‘ldi.
Hasht Bihisht bog‘ining ustida yulduzlar charaq¬lab, yetti kunlik oy ufqqa og‘ib tushayotgan tunda ikki tashna qalb, nihoyat, bir-birining mehriga qondi.

____________
* So‘f — oq jun mato. So‘fi so‘zi ham shundan olingan.
* J a m n — mevali daraxt.
* A m a l b e d — tolning bir turi.
* Oradan o‘n sakkiz yil o‘tgach, yaqin qarindoshlari uning xokini Mashhadga eltib, mashhur Imom Rizo maqbarasi yoniga ko‘mdilar.
* S a t i — hindlardagi xurofiy odat. Beva o‘zini eri bilan birga olovga tashlab kuydiradi.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:48:27
D E H L I
MUHABBAT VA G‘AZAB

Xazinaning qulf-u kaliti Akbarning ixtiyoriga o‘tgandan beri Dehlidagi Mirzo Humoyun maq¬barasining tarxi qog‘ozdan yerga tushib, ulkan bir qurilish tusini oldi. Bu ishga katta-katta mablag‘lar ajratilgandan so‘ng, me’mor mavlono Mirakning qo‘l ostida o‘nlab sangtaroshlar, muhandislar, yuzlab korgarlar ishlay boshladi. Maqbaraga kerakli qizil tosh uzoqdagi tog‘lardan tashib keltirilardi. Ho‘kiz va tuya qo‘shilgan aravalar og‘ir toshlarni vaqtida yetkazib ulgurolmas, sangtaroshlar goho bekor turib qolishardi. O‘y-xayoli mudom Humoyun va uning maqbarasi bilan band bo‘lgan Hamida begim Agrada turadigan Akbarga xat yozib ahvolni tushuntirdi.
«Shukurki, hozir zamon tinch, filxonangizda yetti yuz fil boquvda turibdir, bir qismini yuk tashishga o‘rgatib bo‘lmasmikan?» deb so‘radi.
Shundan keyin Akbar bekor turgan harbiy fillaridan yuzta yuvoshrog‘ini Bhishan Chand boshliq filbonlarga berib, Agradan Dehliga jo‘natdi.
Harbiy fillar ko‘pincha bekor turar, har zamonda bir bo‘ladigan urush oldidan ularga zo‘r xo‘raklar berilar, shirin suvga mast va darg‘azab qiluvchi giyoh¬larning sharbati qo‘shilar, shuni ichgandan so‘ng, ular otliqni ham, piyodani ham xartumi bilan urib, oyog‘i bilan yanchib ketaverar edi. Mehnatga o‘rgatilgan fillar yuk tashib charchaganidan yuvosh bo‘lib qolar, ularga shakarqamish kabi yengil xo‘raklar, osoyishta tutuvchi yemishlar berilar edi. Bir-ikki oy shu tarzda boqilgan Favjdor ham yuvosh bo‘lib qolganini va yuk tashishga o‘rgana boshlaganini Akbar Dehliga kelganda o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Arabistonlarga borib haj qilib kelgan Beka begim Hamida bonuga Sinay tog‘i etagida eshitgan bir rivo¬yatini aytib berdi:
— Bora-bora urush yo‘qolar emish-u odamlar qilichdan ham omoch yasar emishlar!
— Koshki o‘sha zamonlarni biz ham ko‘rsak, Hoji begim! — dedi Hamida bonu.
Bir vaqtlar kundosh bo‘lgan bu ikki ayol hozir inoq bo‘lib qolishgan. Endi ularning bir-birlaridan qizg‘a¬nadigan erlari yo‘q. Mana bu maqbara qurilishidagi ishlar esa ikkoviga ham yetib ortadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:48:41
Hoji begim bog‘ me’morchiligini yaxshi bilar, maqbara atrofidagi o‘ttiz jariblik* ichki-tashqi bog‘ning yo‘lkalari, gulzor va daraxtzorlari uning nazorati ostida qilinmoqda edi.
Mirzo Humoyun maqbarasining ichki-tashqi bog‘ o‘rtasiga qurilayotgani va bu bog‘ning o‘zi me’morchilik asaridek maxsus loyiha asosida bunyod etilayotgani — Dehli va Agrada hali tajribadan o‘tkazilmagan yangilik edi. Mavlono Mirak ham, begimlar ham bunday maqbaralarni Hirot va Mashhadda o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan, Samarqanddagi Amir temur maqbarasi shu tarzda qurilganini bilishar edi. Endi ular Movarounnahr va Eron me’morchiligining shu an’anasini Hindiston sharoitiga tadbiq etmoqda edilar. Qiyinchilik shunda ediki, Samarqand va Hirot obidalariga bezak tarzida ishlatiladigan rangdor ko¬shinlarni bu yerda ishlatib bo‘lmasdi — Hindistonning issiq iqlimi va sernam yomg‘ir fasli koshinlarni tez ishdan chiqarardi. Shuning uchun maqbaraga ishlatiladigan barcha ziynatlar toshdan yo‘nilib, marmarga sayqal va zeb berib qilinmoqda edi. Mirzo Humoyun maqbarasi o‘zining bo‘y-basti va barcha ishi sangtaroshlikka asoslanganligi bilan Hirot va Samarqand obidalariga nisbatan ham takrori  yo‘q bir yangilik bo‘lishi kerak edi.
Juma kunlari qurilishda ish to‘xtar, hammayoq suv quyganday jimjit bo‘lib qolar edi. Faqat ahyon-ahyonda Humoyun qabrini ziyorat qilishga kelganlarning tilovatlari mungli ohang bilan atrofga taralar edi.
Muslimalik odatiga binoan begimlar Humoyun qabriga ertalab oftob chiqmasdan kelishar, bunday paytda boshqa ziyoratchilar deyarli bo‘lmas edi. Bu juma hoji begim isitmalab ziyoratga kelolmadi-yu, Hamida begim tong payti, yolg‘iz o‘zi keldi.
Muvaqqat marmar sag‘aning atrofi o‘ralgan va usti yaxshilab yopilgan. Ichkari nimqorong‘i. Begim ikki shoxali shamdonning shamlarini yoqib, qabrning bosh tomoniga qo‘yayotganda kimdir pichirlab tilovat qilayotganini eshitdi. Orqasiga o‘girilar ekan, qabrning oyoq tomoniga cho‘kka tushgan soqoli uzun mo‘ysa¬fidni ko‘rdi. Begim boshiga ko‘tarib qo‘ygan harir pardani tez yuziga tushirib cho‘nqaydi va tilovat tugaganda mo‘ysafidga qo‘shilib yuziga fotiha tortdi.
Mo‘ysafid hassasiga tayanib o‘rnidan turdi-da, titroq tovush bilan:
— Hazrat begim, kechikib bo‘lsa ham, sizga hamdardlik bildirgani keldim! — dedi.
Ovozi, ko‘zlari behad tanish, ammo bo‘liq oq soqol bekitib turgan yuzi begona, turkiy so‘zlarni hindcha talaffuz bilan aytishi ham kimnidir eslatadi. Lekin katta oq sallasi va egnidagi malla xirqasi shayxlarnikiga o‘xshaydi.
— Minnatdormen, taqsir, — dedi Hamida begim ham o‘rnidan ko‘tarilib.
— Humoyun hazratlari bilan... og‘a-ini tutingan edik, — so‘zida davom etdi mo‘ysafid. — Qabrlarini ziyorat qilgani har yili kelurmen. Ammo sizni birinchi uchratishim...
Hamida begim birdan Jamna bo‘yida o‘tgan qizaloq paytini, Nizom eshkakchining qayig‘ini, uning o‘tli ko‘zlarini va shirali tovushini esladi-yu, vujudi larzaga kelib so‘radi:
— Siz?.. Nizom?.. Sohib Nizom...
— Ha, baxtsizlikka uchrab Salim nomini olgan Nizom — men!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:49:00
— Nahotki? Ko‘zlarimga ishonmaymen! — deb Hamida begim Nizom tomonga talpindi. Yigirma uch yilda odam shunchalik o‘zgarar ekanmi? Hali ellikka kirmagan Nizom — hassa suyangan oppoq soqolli qariya!
— Og‘ir jarohatlar meni tez qaritdi, begim. Sinmagan joyim qolmagan edi. Hali ham... Siz bilan... hazrat ikkovlaringiz... Sind viloyatida quvg‘inda yurgan paytlaringizda menga madad berdilaringiz.. Bo‘lmasa allaqachon o‘lib ketardim.
— Hayriyatki, yana ko‘rishishga muyassar bo‘ldik. Sizga aytadigan qancha gaplarim dilimda qolgan. Men uchun siz poklik timsoli edingiz, sohib Nizom!.. Hazratim ham sizni avliyodek sofdil yigit deb ulug‘lar edilar.
— Avliyo emas, osiy bandamen, — dedi Nizom. — Uchalamiz bir vaqtlar maktub orqali xabarlashgan edik, hozir ham bu yerda uchalamiz... hazrat Humoyunning ruhlari men uchun tirik. Insonning pokligi — dilidagi e’tiqodi bo‘lur. Kiyim toza bo‘lmasa ham, dil pok bo‘lsa, bunday dilni muqaddas bilib, unga sig‘inmoq mumkin. Men ham Jamnada birga suzib yurgan paytlarimda sizning siymongizda samoviy bir nur ko‘rganmen. Bu nur o‘shanda ko‘zlarimga kirib makon qurgan edi, haligacha ko‘zlarimni yumganimda qorachigim orasida siz ko‘ringanday bo‘lursiz, Hamida begim.
Humoyunning qabri yonida aytilayotgan bu so‘zlardan Hamida bonu o‘ng‘aysizlana boshladi. Buni payqagan Nizom:
— Keksayganda izhori dil qilmoqda deb o‘ylamang, begim, — dedi. — Siz ham, Mirzo Humoyun ham men ko‘rgan insonlar orasida eng sohibdil siymolardirsiz. Ikkovlaringiz ham menga behad aziz bo‘lganlaringiz uchun Sekridan shu yergacha piyoda yurib ziyoratga keldim.
Mo‘ysafid odam yuz mildan ortiq masofani piyoda yurib o‘tishi Hamida begimni hang-u mang qilib qo‘ydi:
— Axir... bilganimizda ot yuborar edik-ku, sohib Nizom!
— Otliq yurish mening hozirgi e’tiqodimga xilof, mening faqirparvar ustozlarim Kabir ham, Mo‘yiniddin Cheshti ham doim piyoda yurganlar. Kambag‘allikda umr o‘tkazganlar. Shayx Sa’diy aytganki:

Sa’diyo, chun davlatu farmondihi
Nestiyu haqparasti xushtarast*.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:49:13
— Davlat-u hokimiyat talotumlaridan men ham juda to‘yganmen, — dedi Hamida begim. — Sind-u Qandahorda, Qazvin-u Kobulda, Dehliy-u Agrada.. boshimizga ne balolar yog‘ilmadi!.. Sohib Nizom, siz Karamnasa o‘pqonlaridan hazratimni qutqarib chiqqaningizni o‘g‘limiz Akbarshoh ham eshitganlar. Nechun olti yildan beri saroyga kelmadingiz?
— Begim, men endi podshoh saroyiga zinhor qadam bosmagaymen.
— Yo bizdan ko‘nglingiz qolganmi?
— Sizdan emas, mutloq hokimiyat degan ajdahodan yurak oldirib qo‘yganmen. Mirzo Humoyun Pan¬jobga qaytgan paytlarida juda ko‘rgim keldi. Shayx Muborak degan kishidan maktub yozib yubordim. Ammo uni hazratimning huzuriga kirgizmabdilar. Bianada xalq harakatiga ishtirok etgani uchun shayxulislom Ansoriy «dahriy» deb o‘limga buyuribdir. Bechora shayx Muborak hamon qochib yuribdir. Ansoriy esa izzat-ikromda. Shundan ham bildimki, saroy to‘la g‘araz, ig‘vo, chaqimchilik, adolatsizlik! O‘sha ajdaho busiz yashay olmasligini men o‘zim bir necha kun podsho bo‘lganimda ko‘rdim. Bayram¬xonni bu ajdaho qanday yamlab, yutganini siz ham ko‘rgandirsiz? Bu ajdaho odamni aldab, hovliqtirib, jar yoqasiga qanday olib borganini sezmay qolar ekansiz.
— Ha, g‘alamis manfaatparastlar ko‘p. Men mudom o‘g‘limdan xavotirlanib yashaymen... Ehti¬mol, sizni aldab, maktubingizni dushmanlaringizga eltib bergan xoin hali ham saroyda yurgandir. Siz uni ko‘rsangiz tanirmidingiz?
— Afzalbek degan xushmo‘ylov ilonni men umrbod unutmagaymen. Adhamxon Sekri tomonlarga borganda uning yonida yurgan sersoqol bir bekni ko‘rdim. Qosh-ko‘zi o‘sha Afzalbekni eslatdi. Yaqinda adhamxon bilan Mohim enaga unga podshodan jogir olib berganmish, mingboshi lavozimiga ko‘targanmish.
— Oti hali ham Afzalbek ekanmi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:50:13
— Oti boshqa, eslab qololmadim.
— Koshki xoinlarni fosh qilishda siz ham Akbarjonga yordam bersangiz, sohib! Unga mudom sizday beg‘araz kishilar yetishmaydir.
— Yomonlarning birini yo‘qotsangiz, boshqa undan uddaburonrog‘i kelur. Mutlaq hokimiyat bor joyda hiyonat ham, aldamchilik ham, adolatsizlik ham bo‘lmay iloji yo‘q, begim!
Nizomning gapida jon borligini o‘z achchiq tajri¬basidan ham biladigan Hamida begim diltang bo‘lib so‘radi:
— Nahotki bu balolarning hech bir balogardoni bo‘lmasa?
— Balogardoni bor. Barcha shahar-u qishloqlarni kim qurgan? Barcha kiyimliklar-u yeguliklar kimning mehnati bilan barpo bo‘lmoqda? Mana bu maqbarani kim tiklamoqda? Barcha saroylar, toj-u taxtlarni kim yelkasida tutib turibdir? Xalq! El-ulusning faqat kichik bir qismi podsho qo‘shinida navkar bo‘lib, janglarda unga balogardonlik qilur. Ammo boshqa qismlari amaldor-u mansabdorlarning oyog‘i ostida ezilib yotibdir. Ularni jabr-u zulmdan qutqaradigan odil rahbar bo‘lsa edi, xalq ham bunday rahbarga balogardon bo‘lmog‘i mumkin edi.
— Akbarning eng zo‘r orzusi — odil bo‘lishdir. Lekin uning donishmand bir rahnamosi yo‘q. Siz...
— Men ham ojiz bir odammen, begim. Rahna¬molik qo‘limdan kelmagay. Lekin butun xalq bir haqiqat atrofiga birlashib, yakdil bo‘lsa, eng qudratli kuchga aylangay. Ustozimiz Mo‘yiniddin Cheshti aytganlar: «Inson, sen haqni osmondan emas, o‘z dilingdan izla». Kabir aytgan... Nizom Kabirning she’rini hindcha aytib, forschaga tarjima qilmoqchi edi, Hamida begim:
— Tushundim! — dedi.
— Siz hindicha o‘rganmishsiz?
— Ha, bemalol so‘zlashurmen! — dedi begim hindchalab.
— Unday bo‘lsa endi bizning dilimizga yo‘l topi¬shingiz osonroq bo‘lgay.
— Akbarjon ham hindiychani suvdek bilur. Faqat uning atrofida... odamni buzadigan yomonlar ko‘p.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:50:50
— Biroq asil odam yomonlar orasida ham o‘z fazilatlarini yo‘qotmasligi mumkin ekan. Kabirning bir she’rida «Xushbo‘y sandal daraxtiga zaharli ilon o‘ralib olsa ham bu daraxt muattar hidingi yo‘qotmagay» deyiladi. Begim, hozir siz bilan gaplashganim sari ana shu olijanob sandal daraxtini qayta-qayta eslamoq¬damen... Men eshitdimki, podshoh o‘g‘lingiz Umarqutda tug‘ilganda siz bir hind ayolini ham enagalikka taklif etgan ekansiz. Rostmi?
— Rost. Roja Virsalning qarindoshi Ruparani Akbarjonga oq sut bergan enagalarning biri.
— Buning qanchalik ulug‘ ma’nosi borligini hali o‘zingiz ham sezmasangiz kerak. Kabirning ham bir onasi hind, bir onasi muslima bo‘lgan, hayotida, qalbida, she’rlarida hindi bilan musulmon yaktan-u yakdil bo‘lib birlashgan. Kabir o‘lganda hindlar uni o‘z odatlari bo‘yicha olovda kuydirib kulini Gangaga sochmoqchi bo‘lganlar. Musulmonlar esa, «yo‘q, Kabir bizniki» deyishib, uni o‘z odatlari bo‘yicha yerga dafn etmoqchi bo‘lurlar. Ikki tomon munozara qilib, uning jasadi o‘rab qo‘yilgan pardani ko‘tarsalar, Kabir yo‘q. Uning jasadi o‘rnida bir dasta gul yotgan emish. Hindlar bilan musulmonlar bu gullarni teng bo‘lib olishibdir... Bu rivoyatning ma’nosini o‘zingiz tushunarsiz, begim. Tilagim shulki, o‘g‘lingiz Akbar ham ikki tomonni barobar ko‘rsa, ham muslimlar, ham hindlar diliga Kabir kabi yo‘l topa olsa... Ana o‘shanda butun xalqning qudrati unga kelgan balolarga balogardon bo‘lg‘ay. Agar o‘g‘lingiz xalqning diliga chuqur ma’naviy ildiz otolmasa, navbatdagi dovullar uni ham sug‘urib olib ketmog‘i mumkin. Otasining boshiga tushgan quvg‘inlar Akbarning boshiga tushmasin deb men shu gapni aytmoqdamen!
Hamida begim o‘zini qiynab yurgan eng mushkul ma’naviy jumboqlarga shu donishmand mo‘ysafid yordamida javob topishi mumkinligini, yoshlikdagi mehr endi beg‘araz, sof bir ma’naviy yaqinlikka aylanayotganini sezdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:51:36
— Saroyga kelmasangiz... balki... Akbarjon o‘zlari borarlar... Sizni qaerdan qidirib topsin?
— Men bir faqir odammen, begim. Podsho meni qidirib borishiga ko‘zim yetmaydir. Ammo sizga aytmog‘im mumkin. Sekridan o‘n chaqirim berida o‘rmon chetida kulbam bor, ozgina yerimda dehqonchilik bilan ro‘zg‘or tebraturmiz. Sherxon davrida nomimni o‘zgartirib yashirinib yurganimdan xabardorsiz. Besh yil darvesh bo‘ldim. Salim Cheshti degan nom bilan tanildim. Hozir ko‘pchilik meni shu nom bilan ataydi. Nizom degan avvalgi nomim endi unutilgan. Odamlar oldida shayx Salim deb atashingiz ma’qulroq bo‘lgay.
Muslima ayol bilan begona erkakning sof niyatda uchrashib gaplashishi uchun pir va murid munosabatlari qulayroq bo‘lishini Hamida begim ham sezdi.
— Xo‘p, men sizni minba’d o‘zimning ma’naviy rahnamom deb bilurmen!
Salim ota Hamida begimga yaqin keldi. Ikkov¬larining orasida Humoyunning marmar qabri turibdi. Rahnamoga qo‘l berish odatiga binoan, Hamida begim Salim otaga nafis panjasini cho‘zdi. Begim erining ruhi guvohligida tuzayotgan bu ma’naviy ittifoq beg‘araz, pok bir imon ishi ekanini sezgan Salim ota marmar qabr osha qo‘lini uzatib, Hamida begim¬ning barmoqlarini sekin kaftiga oldi-da, ko‘zlariga surdi.
Ular yana uchrashadigan bo‘lib xayrlashdilar. Salim ota hassasini qo‘ltig‘iga olib, vazmin, ammo mustahkam odimlar bilan uzoqlashar ekan, Hamida begim uning hali ellikka ham kirmaganini yana bir esladi. Ko‘rinishdan nuroniy mo‘ysafid bo‘lsa ham, mehnatda pishgan tanasi chayir ekanini sezdi va Sekrigacha piyoda bora olishiga ishondi. Eng muhimi, bu odam begimning diliga ulkan bir chiroq yoqib ketganday bo‘ldi.

____________
* J a r i b — bir ming ikki yuz kvadrat metrga teng.
* Tarjimasi: Sa’diyo, bo-yu badavlat va mansabdor bo‘lgandan ko‘ra, yo‘qchilikka ko‘nib, haqparast bo‘lish afzaldir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:51:58
* * *

Akbar aqlini tanib Hindistonga qaytgandan beri bu mamlakatdagi g‘aroyibotlar unda bitmas-tuganmas bir hayrat uyg‘otardi. Bolaligida bahaybat fillar uni lol qoldirgan, zaharli ilonlarni nay navosiga raqs qildiradigan morbozlar yana bir taajjubga solgandi. Yerga tiriklay ko‘mib qo‘yilgan, o‘n kun yotib ham o‘lmaydigan, kavlab olinganda tirilib yurib ketadigan faqirlar (yoglar) Hindistonning sehr-u jodusi ko‘pligiga uni yana bir ishontirgan edi.
Akbar o‘n uch yoshida filbonlar orasida mahavatlikni mashq qilib yurgan paytida hind tilini o‘rgangan, urducha ham bemalol gapira olardi. Filbonlarning suyukli qahramonlari Rama va uning go‘zal sevgilisi Siti Akbarning dilidan doimiy joy olgan edi. U Ramaday qahramonliklar ko‘rsatishni va o‘z Sitisini topib, unga yetishishni orzu qilgan paytlari ko‘p bo‘lgan. Hozir yigirma yoshga kirgan paytida ham, ajoyib hind qizlarini uchratsa, ularning noz-u karashma bilan raqs qilishlarini ko‘rsa, nafosatga to‘la qo‘shiqlarini eshitsa, yoshlikdagi o‘sha orzulari qalbiga turtib-turtib qo‘yganday bo‘ladi.
Salima begim uning bu orzusiga halaqit bermas, ko‘p azob tortgan bechora juvon Akbarning bag‘rida gulday ochilib yashar, eriga bag‘ishlab o‘tli she’rlar yozar, tashqaridan qaraganda, ikkovi bir-biriga astoydil mehr qo‘yib hayot kechirayotganga o‘xshar edi. Ammo aslida ularni Salimaning muhabbati inoq tutib turardi. Akbarning unga uylanishida muhabbatdan ko‘ra rahm-shafqat ustun kelganini Hamida begim ham sezdi.
— Shoh o‘g‘lim, siz bevaga uylanib, meni dog‘da qoldirdingiz. Men hali mamlakatning eng go‘zal qizlaridan kelin tushirib, katta to‘ylar qilgim bor.
— Bir vaqtlar o‘zingiz kundosh azobini boshdan kechirgansiz, onajon. Endi buni Salimaga qanday ravo ko‘rursiz?
— Men ravo ko‘rmaganimda ham, siz podshohsiz. Podshohlarning esa xotini bitta bo‘lmagay. Buni Salima ham bilgay.
... Bugun kechasi Akbar hobgoxda shu chigal muammo haqida o‘ylanib o‘ltirganda, Salima uning ko‘nglidan o‘tgan narsalarni sezganday bo‘lib:
— Hazratim, — dedi. — Siz mening oldimdagi burchingizni ham, otalig‘ingiz buyurgan vasiyatni ham mardona ado etdingiz. Endi men ham shunga yarasha insof qilmog‘im kerak. Agar biron qizga... ko‘ngil qo‘ysangiz... haqqingiz bor... men rozilik berurmen!
Akbar gapni hazilga burdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:52:14
— Balki o‘zingiz... sovchilikka ham borursiz?
Salima begim bu hazilni o‘ziga qattiq olib, ko‘zlari birdan yoshlandi:
— Men uchun behad og‘ir dardni hazilga yo‘ymang! Onangizning dillarida men tufayli armon qolmasin. Men u kishining yaxshiliklarini ham qaytarmoqchimen!
Akbar Salimani belidan quchib, yuz-ko‘zidan o‘pdi:
— Hech azob tortmasdan, faqat rohat-farog‘atda yashaydigan erkaklarda nafsga, g‘ururga berilish kuchli. Shafqat-u qanoat mashaqqat chekkan ayollarda ko‘proq bo‘lurmikin?
— Biz, ayollar ham, farishta emasmiz, hazratim. Ilkimizga hokimlik tizgini tegsa o‘zimizdan ketishimiz hech gap emas. «Odamni sinamoqchi bo‘lsangiz, unga mansab berib ko‘ring», degan naql eshitganmen. Hozir sizga eng sodiq ayollardan Mohim enaganing boshiga ana shunday bir sinov tushmishdir.
Mohim enaga haqida marhum Bayramxon ham tashvish-taraddud to‘la so‘zlar aytib ketgani Akbar¬ning yodiga tushdi.
— Salima siz Mohim enagada... biron o‘zgarish sezmoqdamisiz?
— Ha, o‘zgarish katta.
Yaqin odamlari bir-birini yomonlay boshlasa Akbarga bu doim yomon ta’sir qilardi. Hozir ham uning yuzi tundlasha boshlaganini ko‘rgan Salima:
— Balki bu — yaxshi o‘zgarishdir, — deb gapni burdi.
— Menga onam qiladigan yaxshiliklarni shu ayol qilgan, Salima. Kobul esingizdami? Komron amakim biz bilan o‘chakishib, meni otam ottirayotgan zambarakning o‘qiga to‘g‘rilab qo‘ygan edi-ya! Yon-ve¬rimdan vashillab o‘tgan zambarak o‘qlarini eslasam, hali ham sochim tikka bo‘lib ketadir. O‘shanda Mohim enaga chopib kelib, o‘z gavdasi bilan meni to‘sgan edi-ya! Qandahorda, qish sovuqlarida enagam meni yana qancha o‘limlardan olib qolgan!..
— Ha, Mohim enaga o‘shanda chekkan ma¬shaqqatlarining rohatini endi ko‘rmoqda. Bugun mam¬lakatimizda undan nufuzli ayol yo‘q. bek-u  a’yon¬lar Mohim enagani sizdan keyingi ikkinchi siymo deb hisoblaydilar.
— Nechun? Onam hazratlari-chi?
— Onangiz hokimiyatning rohatidan ko‘ra, azobini ko‘p ko‘rib, yurak oldirib qo‘yganlar. Hozir butun e’tiborlari maqbara qurilishi bilan band. Ammo Mohim enaga davlat ishlarida o‘zlarini suvdagi baliq¬dek yaxshi sezadilar. Enaga uchun hokimiyat hali yangi, tansiq narsa, o‘zlari to‘ysa ham, ko‘zlari to‘ymaydir.
Bu gaplarda kinoya borligini sezgan Akbar yana enagasini himoya qila boshladi. Chunki Bayramxon voqealarida ham barcha xavf-xatarni o‘z zimmasiga olib, Akbar tomonda qat’iy turgan, unga eng ko‘p yordam bergan va oqilona yo‘llar ko‘rsatgan odam¬larning biri Hamida begim bo‘lsa, biri Mohim enaga edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:52:29
Otalig‘i aytgan ming otli aravaning barcha tizginlarini Akbar o‘z qo‘liga olgach, uning imzosini kuta¬yotgan qog‘ozlar, hukm-u farmoniga muntazir muammolar, inoyati yoki jazosiga, ruxsati yoki e’tiboriga qarab turgan odamlar shu qadar ko‘payib ketdiki, yosh podsho ularning hammasiga vaqt yetkazolmay qoldi. Shunday paytda yana enagasi yordamga kelgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? Akbar bolalik paytlaridan beri enagaga so‘zsiz ishonib o‘rgangan. Hozir ham  uning qirmizi bo‘yoq surtib bosiladigan katta oltin muhri ko‘pincha Mohim enaganing qo‘lida turadi. Shu muhr bosilmaguncha, xazina hech kimga pul bermaydi. Shu muhr bosilmasa, bek-u a’yonlar yangi martabalar va jogirlar ololmaydi. Mohim enaga hammani o‘z qo‘liga qaratib qo‘ygani uchun uning nomi saroy ahlining tilida doston bo‘ldi. Mohim enagani: «Dono kayvoni bo‘lmasa ayol boshi bilan Bayramxonday odamni yengib chiqarmidi!» deb mubolag‘a qiluvchilar ko‘p. Hozir Mohim enaga qaerga qo‘lini cho‘zsa yetadi, istagan odamiga katta martabalar bera oladi. Enaganing o‘g‘li Adhamxon Jamna bo‘yidagi katta mulkning egasiga aylandi. Adhamxonning uch ming navkari bor, har oy xazinadan yigirma ming rupiy moyana oladi. Mohim enaganing eng suyukli o‘g‘li mana shu Adhamxon. Saroy ahli: «Mohim enaga Adhamxonni Munimxonning o‘rniga bosh vazir qilib ko‘tarmaguncha tinchimagay», deb pichir-pichir so‘zlashganlari Salima begimning qulog‘iga ham chalingan.
Hozir xobgohda Salima Akbarga shuning hammasini aytib berdi-yu:
— Enagangizni ehtiyot qiling, hazratim, — dedi. — Nochorgina hayot kechirib yurgan mushtipar ayol edi. Selday oqib kelayotgan boylig-u obro‘-e’tibor bechorani boshqa yoqqa oqizib ketmasin.
— Buni onamga ham ayting, — dedi Akbar. Uchovlashib, enagamning xatti-harakatini yaxshi tomonlarga burib turaylik.
Mohim enaga tabiatan yaxshilikka moyil ayol edi. Akbar uning qizlar uchun maktab-madrasa ochish niyati borligini bilardi. Enaga boyliklarining bir qismini shu xayrli ishga sarflashi uchun Akbar:
— Istasangiz, qizlar madrasasini Dehlida oching,— deb maslahat berdi.
— Siz ijozat bersangiz, bajonidil ochgaymen!
Bu madrasa uchun Mohim enaga Nizomiddin avliyo maqbarasiga yaqin joydan ikki oshiyonlik ulkan bir binoni bog‘-hovlisi bilan sotib oldi. Otinoyilar dars beradigan qizlar madrasasi Dehli uchun juda katta yangilik bo‘ldi. Ko‘p podsho-yu malikalar qilmagan ishni Mohim enaga qilganligi uning el-ulus orasidagi shuhratini yana bir daraja oshirdi.
Mohim enaganing endigi istagi — bir hafta ulkan to‘y berib kelin tushirish va unga barcha viloyatlardan oliy mehmonlar chaqirish edi. U to‘y to‘g‘risida eng avval Hamida begim va Akbardan maslahat so‘radi:
— Dalv oyida, salqin paytda o‘tkazgan ma’qul, — dedi Hamida begim. Enaga uning bu taklifini qabul qildi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:52:43
— Ungacha hali ikki oy bor, barcha viloyatlardan eng nufuzli odamlarni taklif etgaymiz, — dedi enaga.
— Hammasi kelsa hovlingizga sig‘armikin? — so‘radi Akbar.
— Hovliga sig‘dirib bo‘lmas, — dedi Mohim enaga. — Qal’ada o‘tkazsak-chi, hazrat begim?
Hamida begim Akbarni Salimaga uylntirganda katta to‘y qilolmagan edi. Endi podsho saroyi joylashgan qal’ada Mohim enaga shunday katta to‘y berishi Akbarning obro‘si uchun yaxshi bo‘larmikin?
— Bu to‘y ham o‘zimizniki, — dedi Akbar. — Qal’ada qilsak, faqat bek-u a’yonlarni emas, eng obro‘li hind rojalarini ham taklif etgaymiz. Umar¬qutga ham taklif yuborgaymiz. Balki roja Virsal Prasad ham yetib kelgay. Rupa enaga tirik bo‘lsa uni ham shu to‘yga aytib keltirgaymiz.
— Koshki edi! — deb Hamida begim Akbarning niyatini endi astoydil ma’qulladi. Umarqutga boradigan choparga taklifnomani begimning o‘zi yozdi.
Akbarning maqsadi — Mohim enaganing to‘y harakatlarini ham xayrli tomonga burish va mamlakatning muslim-u hind aholisini bir-biriga yaqinlashtirish edi.
Akbar Munimxonga buyurib, Dehli, Agra, Jaypur va boshqa yaqin viloyatlardagi nufuzli rojalar va raylarni saroyga chaqirdi-yu, hindlar bilan hamkorlik qi¬lish, madaniyat, obodonchilik ishlarida hamjihat bo‘lish borasida mashvarat o‘tkazdi. U yig‘ilganlarga otasi uchun qurilayotgan maqbarada, Agra qal’asini qayta tiklash va kengaytirishda hind hunarpeshalari, me’morlari, korgarlari muslimlar bilan qanday inoq ishlayotganlarini aytib berdi.
— Ishda hamkor bo‘lganimiz kabi, to‘ylarni ham birga o‘tkazmog‘imiz kerak, — dedi. — Men muhtarama Mohim enaga nomidan bizga xayrixoh barcha sohib-ixtiyor roja-raylarni to‘yga taklif qilurmen. Hozir dargohimizda onalar-u enagalarning mavqelari baland, biz ularga farzandlarcha oqibat ko‘rsatish harakatidamiz. Shuning uchun sohib roja-roylar to‘yga ahli ayollari bilan kelsalar biz ularni o‘z opa-singillarimiz qatorida ehtirom qilgaymiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:53:07
* * *

To‘y arafasida Umarqutdan Rupa enaga va uning tog‘asi Virsal Prasad uch filga sovg‘a yuklab kelayotganlari ma’lum bo‘ldi. Izlab yurgan odamlari topilganidan benihoya suyungan Hamida begim mehmonlarga peshvoz chiqishni Akbardan iltimos qildi.
Akbarning buyrug‘i bilan eng salobatli fillardan o‘ntasi gulshodalar va zarbof yopinchiqlar bilan bezatildi. Ularning yelkalariga mahdianbar* deb ataladigan va mo‘tabar ayollar o‘ltiradigan hashamatli shiyponsimon kajavalar o‘rnatildi. Mahdianbarlarning biriga Hamida begim, ikkinchisiga Mohim enaga, yana boshqalariga Jajji enaga bilan Hakima enagalar chiqib o‘ltirishdi. Akbarning o‘zi oldingi filda xuddi yurib borayotgan taxtga o‘xshash oltin mahmilda o‘ltiribdi. Pirmuhammad atka boshliq mulozimlar va yuzga yaqin qo‘riqchi navkarlar fillarning yon-verida otliq kelmoqda.
Shahar chetida tantana bilan kutib olingan Rupa enaga va Virsal Prasad Akbarni Hamida begim yordamida zo‘rg‘a tanidilar. Chunki uni bir oylik chaqaloqlik paytidan beri ko‘rmagan edilar. Lekin yigirma yildan beri ko‘rishmagan onalar va enagalar bir-birlari bilan yig‘lab ko‘rishdilar.
Virsal Prasad oltmishdan oshib, uzun mo‘ylovi oppoq oqargan mo‘ysafidga aylangan edi.
Akbar cho‘g‘day yasatilgan fillardan biriga Virsal Prasadni mindirdi. O‘zi va onasi oldingi fillarga chiqdilar. Boshqa enagalar ham tantanali fillar karvonida aziz mehmonlarni shahar bo‘ylab olib o‘tdi¬-lar-u Puran qal’aning to‘ridagi eng yaxshi bir ko‘shkka joylashtirdilar.
Akbar saroyida «atka xayl»* deb ataladigan juda e’tiborli bir toifa borligi ko‘pchilikka ma’lum edi. Bu guruhga enagalar, bir onani emgan ko‘kaldoshlar va ularning otalari — atkalar kirar edi. Endi mana shu imtiyozli «atka-xaylga» Rupa enaga bilan Virsal Prasad ham tantanali suratda kiritilgani Dehli va uning atrofida duv-duv gap bo‘lib tarqaldi. Chunki musulmon podshosi Akba¬rning g‘ayridin hind enagasi ham borligi ko‘pchilik uchun favqulodda bir yangilik edi. Mutaassib shayxlar Akbarning hind enagaga ko‘rsatgan ehtiromlarini qoralashib, chekka-chekkada sasib: «Podshomiz kufr yo‘liga kirdi, buning kasofati yomon bo‘lgay!» degan karomatlarni qilishar edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:53:23
Ammo Salim otaga o‘xshagan xalq vakillari bu xushxabarni bir-birlariga quvonib yetkazdilar. Shu favqulodda hodisa tufayli Mohim enaga qilayotgan to‘yning obro‘si yana ham oshib ketdi, unga taklif qilingan bek-u amirlardan tashqari, Dehli va uning atrofidagi viloyatlarning roja va raylari to‘yga ahli ayollarini ham olib kela boshladilar.
Bir hafta davom etgan bu to‘y kunlarida butun Dehli karnay-surnay tovushiga, kuy va ashulalar jarangiga, yasan-tusan odamlarga, rang-barang bezaklar va gulshodalarga to‘lib ketdi. Jamna bo‘yidagi ochiq saylgohlarda raqqosalar, morbozlar, ko‘zboylog‘ich sehrgarlar, dorbozlar, lo‘lilar ertadan-kechgacha tomosha ko‘rsatardilar. To‘yga kelgan eng nufuzli amirlar, roja va raylarni Puran qal’ada Mohim enaga bilan Akbarning o‘zi kutib olmoqda edi.
Hamida begim to‘yga kelgan ko‘hlik qizlar orasidan Akbarga munosib kelin tanlamoqda edi. To‘yning uchinchi kuni Sanganirdan kelgan bir qiz odamning hushini oladigan darajada go‘zal ekanligi og‘izdan-og‘izga o‘tib, Hamida begim bilan Akbarning qulog‘iga yetib bordi. Akbar bu qizni ko‘pchilikning orasida ko‘rganda xuddi oddiy marjonlar orasida turgan olmos donasini uchratganday yuragi «jig‘» etdi. Qizni boshqalardan ajratib turgan farq — faqat yuzi¬ning go‘zalligida emas, balki yulduzining issiqligida, kishini darhol o‘ziga tortadigan alohida ohanrabosi borligida edi. O‘g‘lining bu qizga nazari tushganini sezgan Hamida begim Mohim enagaga shipshidi:
— Sanganirlik qizni xonayi xosga boshlab keling.
Bu go‘zal qiz to‘yga qirq yoshlardagi katta akasi — mardona qiyofali, xushmo‘ylov, novcha Bhagvan Das bilan kelgan edi. To‘yboshi ularni podshoning xonayi xosiga boshlab kirdi.
Xona to‘ridan Akbar bilan Hamida begim ularga peshvoz chiqdilar. Aka-singil kaftlarini juftlab boshlari ustiga qo‘ygan holda ularga ta’zim qildilar. Mohim enaga avval Bhagvan Dasni tanishtirdi:
— Roja Bhari Malning katta o‘g‘li...
Akbar hindchalab qizning otini so‘radi. Akbarning til bilishidan ko‘zlari chaqnab ketgan qiz:
— Jodha Bay, — deb o‘z otini aytdi. Shunda qiz¬ning tovushi ham Akbarga juda sehrli tuyuldi.
Qiz ortiqcha tortinmasdan, o‘zini aslzodalarga xos bir odob va erkinlik bilan tutar edi. Hamida begim va Mohim enaga ularni yakkama-yakka qoldirish uchun Bhagvan Dasni to‘rdagi naqshin kursi tomon boshlab ketdilar.
Akbar Jodha Bayni xonaning ulardan uzoqroq burchagida turgan miz yoniga taklif qildi. Miz ustida taxtasi sadaf bilan bezatilgan, donalari fil suyagidan yasalgan chiroyli shaxmat turgan edi. Qiz donalari joy-joyiga terib, go‘yo o‘ynash uchun tayyorlab qo‘yilgan shaxmatga qiziqib qaradi.
— Mumkinmi? — deb oq donali piyodani qo‘liga olib tomosha qildi-da, keyin o‘ynagisi kelganday uni ikki katak oldinga surdi.
— Shaxmat o‘ynashni bilurmisiz? — hayratlanib so‘radi Akbar. Qiz tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
Shundan keyin Akbar o‘rtadagi qora donali piyodani bir katak oldinga surdi. Qiz kulib, aspni o‘yinga chiqardi. Akbar farzin yonidagi filni yurdi. Ikkovlari mizning ikki tomoniga o‘ltirib astoydil o‘ynashga kirishdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:53:38
Akbar o‘yin bahona qizning butun vujudidan yog‘ilib turgan nafosat va go‘zallikdan zavq oladi, unga qaraydi-yu, ammo ko‘zi to‘ymaydi. Jodha Bay¬dan mushkka ham, anbarga ham o‘xshaydigan ammo ulardan yoqimliroq gul hidi kelib turadi. Peshana ustidagi qalin va mayin qora sochlari ustiga kapalaklarni eslatadigan tilla bargak taqilgan. Zar qo‘shib to‘qilgan pushtirang sarisining tagidan ko‘kraklari bo‘rtib turibdi. Sari tagidan kiyilgan kalta yenglik nimchasi beliga yetib-etmay tugaydi. Xipcha beli va qornining ikki enlik joyida silliq badani ochiq turibdi. Ammo uning badani ham Akbarga nur bilan yo‘g‘rilgan yuzi kabi tiniq va musaffo ko‘rindi.
 Jodha Bay o‘zining husni bilan odamlarni mahliyo qilishga go‘yo o‘rganib qolgan. Akbar o‘yinni unutib, hushi boshqa yoqqa ketib qolayotganidan qiz zavqlanib jilmaydi-da:
— Farziningiz... — dedi.
Hozir qiz o‘z fili bilan Akbarning himoyasiz qolgan farzinini olib qo‘yishi mumkin edi. Akbar buni endi payqab bosh chayqadi:
— Rani  Jodha Bay, siz faqat mening farzinimni emas, dilimni ham yutib olmoqdasiz. Bunchalik tovono ekansiz. Ustozingiz kim?
— Ustozim — bilim. Firdavsiyning so‘zlari esingizdadir?
— Qaysi so‘zi?
...«Har kaski dono ast tovono buvad»*.
Jodha Bay forsiy tilni ham yaxshi bilishi Akbarning unga bo‘lgan e’zoz-e’tiborini yana bir daraja oshirdi.
— Rani Jodha Bay, saroyda qolsangiz... shu tovonoligingizdan biz ham bahramand bo‘lsak... maylimi?
Qiz endi jiddiylashdi, allanarsadan xavotirlanganday bo‘lib o‘rnidan turdi va akasi tomonga qaradi:
— Hazratim, e’tiboringizdan behad minnatdormen! Ammo men saroyda qololmagaymen.
— Nechun?
— Mening ixtiyorim ota-onamda. Hozir og‘am bilan uyga jo‘nab ketgaymen.
— Ammo mening sizdan ajragim kelmas!
— Undoq bo‘lsa, endi o‘zingiz Sanganirga mehmon bo‘lib boring. Biz bajonidil kutib olgaymiz.
Jodha Bay saroydan cho‘chir, bu hashamatli dargoh unga begona va xatarli tuyulardi. Shuni sezgan Akbar qizni akasi oldiga boshlab keldi. Xayrlashib ketayotganda Bxagvan Das ham:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:53:51
— Hazrat begim, muhtarama enaga, agar podsho hazratlari bilan birga Sanganirga tashrif buyursalaringiz biz behad sarfaroz bo‘lurmiz! — dedi. — Otamiz Bhari Mal ham sizlarni mehmon qilish orzusidalar. Hind enagangiz Ruparani yuksak e’zoz bilan kutib olganlaringiz onamizning quloqlariga ham borib yetgan. Butun xonadonimiz sizlarga buyuk hurmat-u umid bilan qaraydir.
Aka-singil jo‘nab ketdi-yu, Jodha Bayning qi¬yofasi, gaplari, qiliqlari Akbarning diliga naqshlanib qolganday bo‘ldi. Bu qizni yana ko‘rgisi kelaverdi, xayollari erta-yu kech u bilan band bo‘ldi.
O‘g‘lining holatini sezgan Hamida begim San¬ganirga Qilichbek Andijoniy degan amirni maxsus maktub bilan yuborib, Jodha Bayni kelinlikka so‘radi. Roja Bhari Malning javobi ijobiy, yosh podshoga qarindosh bo‘lish sharafi uning diliga yoqib tushgan, faqat qizlari bo‘lajak kuyovning Sanganirga kelishini va to‘yni hind odatiga binoan shu yerda boshlanishini zaruriy shart qilib qo‘ygan edi.

____________
* M a h d — beshik ma’nosini ham anglatadi. Onlar ko‘zda tutiladi. Anbar — shiyponning bir turi.
* X a y l — oila, xonadon.
* Tarjimasi: bilimli, dono odam tovono, ya’ni qudratli ham bo‘ladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:54:11
* * *

Hamida begim yana arosatda qoldi. Saroyda orzu-havasli katta to‘y qilay desa, mutaassib shayxlar-u sadrlarning ko‘zi oldida brahman chaqirib, hindcha nikoh o‘qitib bo‘lmaydi. Ammo begim Salim otaga qo‘l berib, bhaqtiga e’tiqod qo‘ygani uchun qizni o‘z diniga sodiq qolishga haqli deb hisoblaydi.
Umarqutdan kelgan Rupa enaga hozir bunday nozik ishlar bo‘yicha Hamida Begimning yaqin maslahatchisiga aylangan edi. Akbar, Mohim enaga — hammalari kengashib, kelin istaydigan hindcha nikohni Jaypurda qila qolishni ma’qul ko‘rdilar. Bu hodisaga oliy tabaqaning e’tiborini tortmaslik va gap-so‘zni ko‘paytirmaslik uchun: «Podsho Sanganirga to‘yga emas, balki ovga borgay» deb e’lon qildilar.
Keyingi paytlarda Akbar qo‘lga o‘rgatilgan qoplonsimon jonivor — chita bilan ov qilishni yaxshi ko‘rardi. Chitaboqar ovchilar chitabonlar deb atalardi. Temir qafasda boqiladigan, bo‘yniga maxsus tasma bog‘langan chitalarni tuya qo‘shilgan katta aravalarga ortib, Dehlidan yuz milcha janubi g‘arbdagi Sanga¬nirga tomon yo‘l olganlarida hut oyi kirib, kunlar ancha isigan, daladagi bug‘doylar boshoq tortib qolgan edi.
Besh yuz askar qo‘riqlab borayotgan mavkabda yasan-tusan fillar ustidagi maxdianbarlarda Hamida begim, Mohim enaga va Rupa enagalar ham kelmoqda edilar. Oliy mehmonlar kelayotganidan xabar topgan roja Bhari Mal o‘g‘li Bhagvan Das va boshqa yaqinlari bilan Akbarga viloyat chegarasida peshvoz chiqdi. Akbar va peshvoz chiqqan mezbonlar Diosa degan qishloqqa yaqinlashganlarida, uning aholisi yov bosishdan qo‘rqib, tog‘ tomonga qocha boshladi. Favjdor degan filini minib kelayotgan Akbar Bhari Maldan:
— Nechun bunday bo‘ldi? — deb so‘radi. — Biz yaxshi niyat bilan kelayotganimizni aytmagan edin¬gizmi?
— Hazratim, aytgan edim! Biroq bu joylar Sambxal viloyatiga qarashli. Viloyat hokimi mirzo sharafiddin janoblari aholiga nisbatan juda shafqatsiz. Odamlar undan yurak oldirib qo‘yganlari uchun endi sizdan ham qochmoqdalar.
Akbar o‘ng tomonida borayotgan Qilichxon Andi¬joniyga buyurdi:
— Sharafiddin mirzoga odam yuboring, zudlik bilan yetib kelsin.
Kechki payt mirzo Sharafiddin unga peshvoz chiqib, otidan sakrab tushdi-da, Akbar mingan filning oyog‘i tagiga cho‘kkalab yukundi.
— Janob Sharafiddin mirzo, siz mahalliy aholini bizdan bezdirib qo‘yibsiz...
— Hazratim, mendan gunoh o‘tgan bo‘lsa kechi¬ring!
Akbar chap yonida otliq turgan Bhari Malga yuzlandi:
— Qaysi qarindoshingizni bu bek garovga olib, hibsda saqlamoqda?
— Akamning o‘g‘li Jay Mal bilan Raj Sinx degan nevaram hibs qilingan.
— Begunoh odamlarni garovda saqlashga kim buyruq berdi, taqsir?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:54:27
 Sharafiddin mirzo ota tomonidan mashhur Xo‘ja Ahror avlodlariga borib taqalar, ona tomonidan esa temuriylarga qarindosh edi. Akbar davlatida temuriylar mo‘tabarroq bo‘lgani uchun Sharafiddin «xo‘ja» unvonidan voz kechib, «mirzo» unvonini afzal ko‘rgan edi. Lekin Akbar hozir «taqsir» deb kinoya qilish bilan undan go‘yo mirzo unvonini tortib oladigandek ko‘rindi. Bundan qo‘rqib qaltiray boshlagan Sharafiddinxo‘ja:
— Hazratim, mendan o‘tgan bo‘lsa afvu etgaysiz!— dedi. — Yaxshi ko‘rgan farzandlarini garovda tutsam, bu rajputlar isyon ko‘tarolmagay, degan fikrda shu gapni qilganmen!
— Fikringiz xatodir, taqsir. Begunoh yigitlarni shu bugunoq hibsdan bo‘shating, izzat-ikrom bilan uyla¬riga jo‘nating!
— Bosh ustiga, hazratim!
Sharafiddinxo‘ja shosha-pisha orqasiga qaytdi va o‘sha kuni garovdagi ikki yigitni bo‘shatibgina qolmay, har biriga bosh-oyoq sarupo kiydirib, bittadan otni anjomi bilan hadya qilib jo‘nattirdi.
Akbar bo‘lajak qallig‘i Jodha Bay yurtida mumkin qadar yaxshi xotira qoldirishga, adolatli va shafqatli bo‘lishga harakat qildi.
Jodha Bay turadigan joylarga yaqinlashganlari sari Akbarning dilida nafis va go‘zal hislar kuchayib borar, ammo tashqi hayot unga bir-biridan dag‘al va xunuk muammolarni ko‘ndalang qilardi.
Sanganir atroflarida aholi ko‘p, shuning uchun ov qiladigan jonivor kam. Podshohning aravalarga ortib kelingan chitalari va ularni qo‘lga o‘rgatgan chitabonlar o‘zlariga ish topolmay, aholiga tomosha bo‘lib qoldilar.
Hindlar chitani yo‘lbarsdan ham xatarliroq yirtqich deb hisoblaydilar. Beli ingichka, dumi va tanasi uzun, butun terisi oq-sarg‘ish hol-hollardan iborat bu yirik qoplon nihoyatda chaqqon bo‘ladi, qattiq sakrasa, hatto, filning ustiga chiqa oladi. Eng chopqir kiyikni ham quvib yetadi. Goho o‘rmonda odamxo‘r chitalar ham uchrab turadi.
Shunday xatarli yirtqichni qo‘lga o‘rgatib, qafasda olib yurgan chitabonlarning dimog‘lari baland, o‘zla¬rini podshohning suygan ovchilari qilib ko‘rsatib, do‘q¬-po‘pisalar ham qilishadi.
Bir joyda yaxshi kiyingan o‘rta yashar kishi temir qafasga yaqin kelib chitani tomosha qilar ekan, chitabon bu odamning oyog‘idagi chiroyli etikka xushtor bo‘lib qoldi. Birdan qafasning og‘zini ochdi-yu, chitaning bo‘ynidagi charm halqasidan tutib:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:54:39
— Etikni yech! — dedi haligi odamga. — Yechmasang hozir chitani qo‘yib yuborurmen, seni tilka-pora qilgay.
Chitaning sarg‘ish ko‘zlari olovlanib, o‘zi irillardi. Qo‘rqib ketgan bechora tomoshabin chiroyli etigini chitabonga yechib berdi.
Yaxshi kiyingan odam yalangoyoq yurishdan qiynalib tovoniga toshlar va tikanlar qadalib kelayotganda Akbar qarshisidan chiqib qoldi. Yalangoyoq kishi yig‘lab turib:
— Hazratim, adolat qiling! Arzimni tinglang! Hazratim! — deb murojaat qildi. Akbarning ishorasi bilan qo‘riqchilar yalangoyoq kishiga yo‘l berdilar. Akbar bugun ot mingan edi. U ot ustida turib yalang oyoq kishining arzini eshitdi-da:
— Qani, yuring, o‘sha chitabonni bizga ko‘rsa¬ting!— dedi.
Chitabon tortib olgan etigini allaqachon oyog‘iga kiygan, eski etigi qafas oldida turar edi. Akbardan qo‘rqib, haligi odamning etigini darrov yechib bera boshladi. Bo‘lajak qaynotasi Bhari Malning oldida qattiq xijolat chekayotgan Akbar:
— Bu chitabon bizning xizmatimizdagi barcha odamlar sha’niga dog‘ tushurmishdir! — dedi va chap tomonda turgan bekka murojaat qildi: — Janob Chig‘atoyxon, hukmimizni jarchilar Jaypur aholisiga e’lon qilsinlar! Maxsus farmon yozib, barcha viloyatlarga yubortiring, toki butun mamlakat ogoh bo‘lsin. Bizning xizmatimizda yurib aholiga zulm o‘tkazadigan, zo‘ravonlik bilan uning kiyim yoki buyumlarini tortib oladigan kimsalar shafqatsiz jazo olurlar! Mana bu chitabon maydonga olib chiqilsin, birovning etigini tortib olib kiygan oyog‘i kesib tashlansin!
O‘sha kuni bu farmon xaloyiqning ko‘zi oldida amalga oshirildi. Xalq Akbarni adolati va qat’iyati uchun maqtay boshladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:55:35
* * *

Bu maqtovlar, albatta, Jodha Bayning qulog‘iga ham yetib bordi. Hozir hammaning tilida shu qizning nomi. Jodha Bayni bir ko‘rishga, ikki og‘iz so‘zini eshitishga mushtoq ixlosmandlari ko‘payib ketdi.
Lekin ota-onalari Jodha Bayni chet ko‘zlardan yiroqda tutishar va nikoh to‘yiga tayyorlashar edi. Kuyov tomondan besh yuz odam kelgan, ular hammasi roja Bxari Malning qasriga sig‘maydi. Akbar Sanganir degan ko‘kalamzor, xushmanzara joyni o‘ziga qarorgoh qilib tanladi. Mavkabning yuklarini va chodirlarini bir necha yuz tuyalar, fillar va xachirlar ko‘tarib kelmoqda edi. Maxsus odamlar tog‘ etakla¬ridagi ko‘kalamzorga uch yuzta rang-barang chodir tikdilar. Ular orasida eng hashamatlilari Akbar uchun, uning onasi, enagalari va boshqa yaqinlari uchun o‘rnatildi. Bo‘lajak kelin-kuyov uchun mehtarlar* ikki qavatli ko‘shkni eslatadigan boloxonador chodir qu¬rishdi. Bu chodirning o‘tov keragalariga o‘xshagan yig‘ma yog‘ochlari eng qattiq mahva daraxtidan yasalgan. Uning sinchga o‘xshagan yo‘g‘on xarilarini fillar ko‘tarib kelib, xartumlari bilan tiklab beradilar. Ikki oshiyonli, zinapoyali binoning yog‘och qovur¬g‘alari bir-biriga mahkam ulanib, yaxlit va mustahkam «quti»ga aylangandan so‘ng, ustiga chodirning qalin va go‘zal pushtirang matosi tortildi.
Odam bo‘yi keladigan va «damoma» deb ataladigan ulkan nog‘oralar chalindi, ularga qo‘sh karnaylar, qo‘sh surnaylar jo‘r bo‘ldi-yu, to‘y shodiyonasi boshlandi. Reja bo‘yicha to‘y bir hafta davom etishi, shu orada kelin tomon ham, kuyov tomon ham barcha orzu-havaslarini amalga oshirib ulgurishlari kerak edi. Havo ochiq, kunlar baxmalday mayin, ayni to‘y-tomoshalar o‘tkazadigan payt edi.
Hamida begim mana shunday baxmal mavsumda Sind viloyatining Pothur degan joyida chodirlar ichida Humoyun bilan o‘tkazgan unutilmas damlarini eslar, Akbar — o‘shandagi olovli muhabbatning mahsuli ekanini o‘ylar, endi shu o‘g‘li sevib qolgan hind qizi ham tabiat bag‘riga o‘rnatilgan chodirda haqiqiy baxt topishini istardi.
Biroq kuyov-kelinning ikki dinga mansubligi va nikohni ikki joyda, ikki xil o‘qitish muammosi onani tashvishga solmoqda edi. Hindcha nikoh uqiydigan puraxitlar*qiz tomonda bor, ammo ikki dinni barobar ko‘radigan sadr yoki shayx topish qiyin. Saroydagi shayxulislom Ansoriy yoki sadrlar suduri Abdunabi ikki dinli nikohga rozi bo‘lishmadi. Ular, hatto, Qur’o¬nu payg‘ambarni tan oladigan shialar bilan ke¬lisholmaydi-yu, kofir sanaladigan brahman va kohinlar bilan qanday til topishadi?
Hamida begim o‘ylab-o‘ylab, Salim otani cha¬qirishga qaror berdi. Saroyga bormasa, Sanganirga kelishi mumkin-ku. Sekri bu yerga uncha uzoq emas, otda bir kunlik yo‘l. Begim Salim otaga maktub yozib, Chig‘atoyxon Toshkandiydan berib yubordi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:56:06
«Taqsir, yoshlik paytimizda sizning otangiz ham Jamna bo‘yida to‘y qilib, to‘ng‘ich o‘g‘lini hind qiziga uylantirmoqchi bo‘lganini aytib bergan edingiz. O‘shan¬da musulmon mutaassiblari ham, johil brahmanlar ham bunga qarshi chiqib, to‘yini buzganlari, otangizni zindonga tashlaganlari yodingizda bordir. Yillar o‘tib, zamonlar o‘zgardi. O‘g‘limiz Akbar¬shohga men kabi oq sut bergan hind enaga Rupa bibi hozir mening yonimda. O‘shanda otangiz amalga oshirolmagan hind-musulmon to‘yini endi biz o‘tkazmoqchimiz. Shunga sizning ishtirokingiz va ko‘ma¬gingiz zarur bo‘lib qoldi. Biz o‘rmon ichida, tabiat bag‘rida turibmiz. Bu yer — podshoh saroyi emas. Shuning uchun, albatta, tashrif buyurarsiz deb umid qilurmen.
Ixlosmandingiz Hamida bonu begim».
 Bu maktubni olib jo‘nagan Chig‘atoyxon uch kun bedarak ketdi. To‘y oxirlab bormoqda. Ertaga kechasi nikoh o‘qitilishi kerak. Begim keyin bilsa, Salim ota otga minishni istamabdi. Chig‘atoyxon uning piyoda yurishiga moslanib, bir kunlik yo‘lni uch kunda zo‘rg‘a bosib o‘tibdi. U navkarini oldinroq yuborib, bu voqea¬dan Akbarni va begimni xabardor qildi. Salim otaning Dehlidagi Humoyun qabriga ham haj qilganda piyoda borganini Akbar onasidan eshitgan edi. Mo‘ysafidning hurmati uchun Akbar ham qarorgoh chetigacha piyoda borib, Salim otaga peshvoz chiqdi. Uni farzandlarcha ehtirom bilan kutib oldi-da, oldindan tayyorlab qo‘yilgan mehroblik chodirga olib kirdi. Salim otani to‘rga o‘tkazib, o‘zi pastroqqa cho‘kka tushdi:
— Taqsir men sizning ta’rifingizni Sirhindda Abdulla Niyoziydan eshitgan edim.
— Ha, Abdulla Niyoziy Biana xalqini Islomshoh zulmiga qarshi ko‘targan juda jasoratli odam edi.
— U kishi sizning to‘g‘ringizda ham xuddi shunday fikrda ekanlar. Keyin, hazrat, onam menga ko‘p voqealarni aytib berdilar. Otamizga unutilmas yaxshiliklar qilgan ekansiz. Men sizni ma’naviy otamdek aziz bilurmen.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:56:23
So‘nggi so‘zlardan ko‘zlari yaltirab ketgan Salim ota Akbarga:
— E, o‘g‘lim! — deb murojaat qildi. — Yarat¬ganning oldida shoh-u darvesh — barchamiz barobar inson farzandimiz. Men ikki yil Arabistonda bo‘ldim, qancha xalqlarni ko‘rdim. Hamma joyda ham inson— shu inson, bani bashar asli o‘zi bir. Qancha tojdorlarni ko‘rdik. Sherxon nechog‘li qudratli, aqlli, nayrangni ko‘p ishlatib, avlodlarini yomonlikka o‘rgatdi, oqibatda, bari xalqning qahriga uchrab yo‘q bo‘lib ketdi. Bugun kelganimning sababi — sizdan umidim katta. Ota-bobolaringizning nek ishlarini davom etkizib, el-ulusning olqishini olgaysiz.
— Mutashakkirmen, taqsir.

Dasturxon yozilib, to‘y ziyofati yeyilgach, peshin namoziga tahorat oldilar. Namozga Salim ota oldinga turib imomlik qildi. Namozdan so‘ng ota tashqariga chiqmoqchi bo‘ldi. Shunda Akbar unga shogird kabi xizmat qilib kovushini oyog‘i tagiga to‘g‘rilab, juftlab qo‘ydi. Ammo Akbarning tengdoshi va ko‘kaldoshi Adhamxon shayx Salimning yalangoyoq eshkakchilar orasidan chiqqan kambag‘al yigit bo‘lganini Mohim bibidan eshitgan edi, shuning uchun cholni pisand qilmay, kinoya bilan tirjayib kuldi. O‘zi bechorahol oiladan chiqqan bu yigit kambag‘al o‘tmishini esla¬tadigan odamlarni suymaydi. Adhamxon oliy ta¬ba¬qaning eng boy aslzodalari qatorida shayxulislom Ansoriyga qo‘l berib, murid bo‘lgan.
Akbar tirjaygan ko‘kaldoshiga «haddingdan osh¬ma!» degandek tikildi. Biroq Adhamxon tap tortmay ko‘zini Akbarning ko‘ziga qadadi: «Shu isqirt cholga kavush to‘g‘rilab berib, bizni ham yerga urdingiz, axir biz sizga ta’zim qilib, yukunib yuribmiz!» demoqchi bo‘ldi. Akbar Adhamxonning naqadar taltayib, kalon¬dimog‘ bo‘lib borayotganini shunda baralla payqadi.
Kelinni olib kelish uchun borayotganlarida Ad¬ham¬xon uning o‘ng tomonida eng yaqin kuyov jo‘rasi bo‘lib bormoqchi bo‘ldi. Biroq Akbar o‘ng yoniga ikkinchi ko‘kaldoshi Azizni oldi. Adhamxon orqa qatorda qolib, qovog‘i birdan osilib ketdi.

_____________
* M e h t a r l a r — chodir o‘rnatuvchilar.
* P u r a x i t — hindlarning mulla-imomi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:56:43
* * *

Ulkan bir tog‘ qoyasi ustiga qurilgan roja Bxari Malning qal’asida bir haftadan beri ma’yus kuylar yangraydi, qizlar davra bo‘lib, tug‘ilgan dargoh bilan xayrlashuv qiyinligi haqida ashula aytadilar. Azaliy udum shunday: kuyov tomonda naqoralar sevinch bilan «taka-tum» qiladi, karnaylar quvnab «ha-xu»laydi, chunki oilaga yangi bir odam — go‘zal kelin qo‘shiladi. Ammo qiz o‘stirgan ota-ona jigarporasini uzatadi. Qiz bu dargohdan yig‘lab chiqib ketmasa ota-onaning ko‘ngli joyiga tushmaydi. Shuning uchun qiz uzatadigan xonadonda to‘y kuni yurakni ezuvchi xayrlashuv kuylari chalinadi.
Biroq Akbar karnay-surnay chaldirib, o‘z odamlari bilan Bhari Malning qal’asiga kirib kelganda quvnoq to‘s-to‘polon boshlandi. Hind odatiga binoan, Akbar qiz turadigan hovliga qilich taqib otliq kirib bordi. Uning yonida kuyov jo‘ralaridan tashqari, Rupa enaga ham bor. Hindcha rasm-rusmlarni Akbar va uning odamlariga Rupa enaga o‘rgatib turibdi.
Yasatilgan kelinchak bir to‘p dugonalari bilan gulshodalar ko‘tarib, uydan Akbarga peshvoz chiqdilar. Qizlar yor-yorni eslatuvchi qo‘shiqni aytishib qo‘lla¬ridagi gulshodalarni Akbar mingan otning bo‘yniga osdilar. Hayron ismli bu ot xushbo‘y gulshodalar va go‘zal qizlar orasida chindan ham taajjubga tushganday ko‘zlarini katta-katta ochib turardi. Nihoyat, kelinni otning gulga ko‘milgan bo‘yni ostidan olib o‘tdilar.
Bunday yuksak ehtiromdan so‘ng kuyov otdan tushdi. Jodha Bay unga ta’zim bilan yaqinlashdi-yu, eng sara gullardan qilingan va «svayamvar»* deb ata¬ladigan katta gulshodani Akbarning bo‘yniga osdi. Shundan so‘ng kelin-kuyov gulshodalardan tizim-tizim qilib yasalgan va maxsus mehrob o‘rnatilgan gulchodirga kirdilar. «Yo‘llari oq bo‘lsin» degan niyatda gulchodirning chetiga un va guruch sepib qo‘yilgan. Mehrob qarshisida ikkita serbezak kursi turibdi. Kelin-kuyov shu kursilarga yonma-yon o‘tirdilar. Kelinning yonidan uning ota-onasi va boshqa yaqinlari joy olishdi. Kuyovning yoniga Rupa enaga va ko‘¬kaldoshlari o‘ltirishdi. Puroxit deb ataladigan hind mullalarining biri kelin tomonda, ikkinchisi kuyov tomonda turib, «mantr»lar deb ataladigan duolarini o‘qidilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:56:58
Akbar nikoh paytida aytish kerak bo‘lgan gaplarini Rupa enaga yordamida o‘rganib kelgan edi. Puroxit undan hindchalab:
— Rani Jodha Bayni nikohingizga olasizmi? — deb so‘radi.
Akbar ham hindchalab:
— Men muqaddas olov, osmon va yer guvohligida hind qizi rani Jodha Bayni chin dildan xohlab o‘z nikohimga olgaymen! — dedi.
Puroxit o‘sha savol bilan qizga murojaat qildi. Akbarning gapi Jodha Bayga ancha dalda bergan edi.
— Men, — deb so‘z boshladi qiz, — oliy tangrilar guvohligida muslim yigitning nikohiga o‘z xohishim bilan o‘tmoqdamen. Uning uyini o‘z uyim deb bi¬lurmen. Barcha kelinlik xizmatlarini sidqidildan ado etgaymen.
Qoidaga binoan, bu so‘zlardan keyin puroxitlar¬ning biri yigitning qo‘lidan, ikkinchisi qizning qo‘lidan oldi-da, ikki panjani birlashtirdi. Akbar qiz¬ning mayin qo‘lchasi taftini o‘z kaftida his qildi. Puroxitlar Akbarning yelkasidagi shohi fo‘taning uchini qizning egnidagi zarbof sarining uchiga sekin bog‘lab qo‘ydilar.
Sal narida muqaddas olov yonib turibdi, xushbo‘y hid beruvchi giyohlar tutatilmoqda. Qo‘llari chirmashgan, fo‘ta va sarilari bir-biriga bog‘lanan kelin-kuyovni puroxitlar olov atrofidan yetti marta aylantirib o‘tkazdilar. Bu aylanishlar bilan mehr-u oqibat, poklik, bolajonlik, ota-onaga ehtirom, sadoqat, odob kabi oilaviy hayotning yettita eng muhim talabiga rioya qilish majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar.
Nikoh marosimining oxirida qizning otasi fotiha berishi kerak edi. Odatga binoan, Bhari Mal o‘zining va urug‘ining nomini aytib so‘z boshladi.
— Men, roja Bhari Mal, o‘ttiz oltita rajput qabilalari qatoriga kiradigan Kalvaha urug‘ining bosh¬lig‘imen. Tarixdan ma’lumki, bizning eng qadimgi ajdodlarimiz ariylar bo‘lgan. Ularni Hindistonga shimoldan, Movarounnahr-u Xuroson tomonlardan kelgan otashparastlar deb eshitganmen. Hazrat podsho, sizning ajdodlaringiz ham shimoldan kelganlar, qadim zamonda ular ham otashparast bo‘lganlar. Aytmoq¬chimenki, bugun mana bu muqaddas olov guvohligida bizga kuyov bo‘layotganingiz tasodif emasdir. Ehtimol, taqdir taqozosi shunday bo‘lgandirki, ming yillar oldin bir-birlaridan ajrashib, turli mamlakatlarga urug‘ kabi sochilib ketgan avlodlar endi sizlarning timsolingizda yana topishmoqdadirlar. Men o‘z qi¬zim¬ni sizga in’om qilurmen. Bilursizki, in’om qaytib olinmaydi. Qizim bu dargohga endi faqat mehmon bo‘lib kelmog‘i mumkin!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:57:11
Akbar kaftiga tafti urib turgan nafis qo‘lchani mehr va tashnalik bilan qisib qo‘ydi.
Kelinni taxtiravonga o‘tqazib, karnay-surnay sa¬dosi ostida qarorgohga olib qaytganlarida tun yarmidan oshgan, lekin hamma uyg‘oq, mash’ala va gul¬xanlar yoqilgan edi. Ularning yorug‘ida kelin-kuyovni Hamida begim va boshqa yaqinlari kutib olib, ulkan saroparda ichiga boshlab kirdilar.
Humoyun joriy qilgan an’ana bo‘yicha, kelin-kuyov avval «Davlat uyi» deb ataladigan birinchi xo¬naga kirdilar. Bu yerda ularni vazir-u amirlar ta’zim bilan qarshi olib, muborakbod qildilar va qimmatbaho sovg‘alarini topshirdilar. Saroparda ichidagi ikkinchi muhtasham chodir «Saodat uyi» deb atalar edi. Bu uyda kuyov-kelinni yangi malla to‘n kiygan, oq salla o‘ragan Salim ota kutib oldi va ikkovlarini qarshisiga o‘tqazib tilak aytdi.
— Ilohim baxtli bo‘linglar, oqibatli farzandlar ko‘ringlar, el-yurtning olqishini olib, uzoq yashanglar!
Musulmoncha nikoh ham o‘qilgandan so‘ng kelin-kuyov saroparda to‘ridagi ikki oshiyonli «murod uyiga» yo‘l oldilar. Akbar bu uyda qiz bilan yakkama-yakka qoladigan damlarni toliqib kutmoqda edi. Lekin odatga binoan, bu uyning birinchi qavatiga dasturxon yozilgan, yangalar kelin-kuyov uchun eng nodir taomlar tayyorlashgan edi.
Jodha Bay Akbar bilan bir dasturxondan ovqat yeyish¬ga jur’at etmay, o‘zini chetga tortdi. Hind odobiga binoan, kelin-kuyovni o‘zidan beqiyos darajada yuqori qo‘yadi, xotin ham erni ilohiy bir yuksaklikda ko‘radi. Shuning uchun kuyov bilan bir dasturxondan ovqat yeyish — kelinchak uchun odobsizlik sana¬ladi. Jodha Bay ham Akbar ovqat yeb bo‘lguncha dasturxonga yaqin kelmoqchi emas, bir chetda odob saqlab turmoq¬chi edi. Akbar avval ham eshitgan bu odatlar erkak zotining obro‘sini afsonaviy bir yuksaklikka ko‘tarishini, kelin o‘z kuyovini Xudo o‘rnida ko‘rishini Jodha Bayning hozirgi odobida yurakdan his qildi-yu, qallig‘iga mehri toblanib shivirladi:
— Men sizning xonadoningizda hindcha odatlarga rioya qildim-ku. Endi siz bu yerda turkiy odat bo‘yicha men bilan birga taom yeyishingiz kerak. Qani, oling.
Akbar bedana kabob solingan oltin laganni qallig‘iga yaqin surdi. Ammo Jodha Bay bolalikdan ongiga singgan odatni buza olmadi. Akbarning oldida ovqat chaynashdan uyaldi. Yangalar kelin-kuyovga asal qo‘¬shilgan choy keltirdilar. Akbar o‘zi ichgan asal choydan Jodha Bayga ham ozgina ichirdi.
Qiz ota-onasi bilan xayrlashganda qattiq yig‘lagan, hozir ham xomush ko‘rinardi. Akbar hazil bilan uning ko‘nglini yozmoqchi bo‘ldi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:57:26
— Rani Jodha Bay, saroyda shaxmat o‘ynaganimiz yodingizdami?
— Ha.
— O‘shanda siz mening farzinimni... yutib olgan edingiz-a?
Jodha Bay endi jilmaydi:
— Bekor qilgan ekanmen.
— Nechun?
— Qasos qaytdi. Mana, farzininiz o‘rniga siz meni yutib oldingiz.
Qizning shirin javobi Akbardagi baxt tuyg‘usini yanada oshirib toshirganday bo‘ldi. U birdan qaynotasi aytgan so‘zlarni esladi: barcha bani bashar bitta Odam ato va Momo Havodan tarqagan bo‘lsa, ming yillar avval, otashparastlik davrlarida, Jodha Bayning ariy bobolari bilan boburiylarning uzoq ajdodlari qo‘ni-qo‘shni, quda-anda bo‘lib yashaganlariga nega ishonish mumkin emas? Kelin-kuyovni olov atrofidan aylantirish odati turkiy xalqlarda ham bor-ku.
Nihoyat «murod uyi»ning xobgohida ikkovlari yolg‘iz qoldilar, Akbar sevgilisini ming yil sog‘inib kutgan yigitning qalb kuchi va ehtirosi bilan Jodha Bayni bag‘riga oldi. Ikki yosh dil bir-birining taftidan erib, qalblari daryoday tutashib oqa boshladi.

_____________
* S v a ya m v a r — «o‘z dilidagini tanlash» degan ma’noni bildiradi. Rivoyatga binoan, qadimda qizlar yigitlardan qaysi birini yoqtirsa shu gulchambarni uning bo‘yniga solgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:57:53
* * *

Hindlar orasida ming yillardan buyon axloq-odob nizomi hisoblanadigan va muqaddas sanalib ijro etiladigan Manu* qonunlari Jodha Bayning qon-qoniga kichikligidan singdirilgan edi. Uning e’tiqodi bo‘yi¬cha, ayol kishi umrida faqat bir marta er qilishi mumkin. Agar eri o‘lsa, bevaning boshqa erga tegishi mumkin emas. Beva yo erining jasadi bilan birga olovda yonib halok bo‘lishi kerak yoki qolgan butun umrini eriga aza tutib, kuniga faqat bir mahalgina ovqat yeyishi, to o‘lguncha motam kiyimida xor, zabun ahvolda yashashi kerak. Manu hind ayoliga erining xayotini o‘z hayotidan ham ortiqroq e’zoz¬lashni va uni o‘z tangrisi o‘rnida ko‘rishni buyurgan. Faqat shu buyruqni so‘zsiz bajargan ayollargina hind tangrilari Braxma, Shiva, Vishnularning marhamatiga sazovor bo‘lishiga Jodha Bay so‘zsiz ishonib o‘rgangan.
Ayollarga nisbatan shafqatsiz Manu hindlarning oliy tabaqasiga mansub erkaklarga to‘rttadan xotin olish huquqini bergan. Lekin badavlat hukmdorlar yuz, ikki yuztagacha xotin olsalar ham hind dini bunga qarshi chiqmas edi. Jodha Bayning otasi o‘n yettita xotin olgan, ular hammasi erlarini tangri o‘rnida e’zozlashga tirishar va haramda murosa bilan yashar edilar. Buni otasining uyida ko‘rib o‘sgan Jodha Bay Akbarning boshqa xotinlari borligiga ham tez ko‘nikdi. Jodha Bayning go‘zal jismi va qalbi kabi, uning axloq-odobi va erni bu qadar e’zozlashi ham Akbarni o‘ziga mahliyo qildi. Kelinchak har kuni uch mahal ibodatdan oldin oyoqdan yuzgacha yaxshilab yuvinar va oliy tangrilari huzuriga go‘dakday pok bo‘lib boradi. Hindistonning issiq iqlimida tahorat o‘rniga butun tanani uch mahal yuvib, poklash, g‘usl¬ni albatta oyoqdan boshlash, oxirida yuzni yuvib, og‘izni xushbo‘y dori giyohlar qo‘shilgan suv bilan chayish odamni nechog‘li tetik va latif qilishini Akbar Jodha Bay orqali yaqindan bildi. Jodha Baydagi joziba uning go‘zal husnidangina emas, axloq va odobidan ham kelib chiqishini sezgan Akbar yosh xotinining imon-u e’tiqodini asrab-avaylashga harakat qilardi. Jodha Bay Sanganirga har kuni ibodatxonaga borardi, chunki u ilohiy deb ishongan hind tangrila-rining haykallari faqat ibodatxonaga qo‘yilar, ularga uyda sig‘inish mumkin emas. Shuning uchun Dehlining Puran qal’asidagi jajji bir bino Jodha Bay va uning hind kanizaklari uchun ibodatxona qilib berildi.
Shu sababli Jodha Bay bilan birga Akbar saroyiga brahman va puraxitlar ham kirib keldilar. Jodha Bay uchun ajratilgan ibodatgohda shular xo‘jayin bo‘lib olib, Shiva, Durga va boshqa tangrilarning haykalla¬rini o‘rnatdilar. Haramda Jodha Bay uchun ajratilgan xonalar ham Sanganirdan qizning sepi bilan kelgan xonaki ma’budalarning haykalchalari bilan to‘ldi. Hind kelinchak uchun ochilgan so‘qmoqdan uning qarindoshlari ham saroyga kirib keldilar. Singlisini birinchi marta Dehliga, to‘yga olib kelib, Akbar bilan tanishtirgan Bhagvan Dasga amiri duhazori* degan katta mansab berildi. U o‘zining rajput yigitlaridan ikki ming otliqni Akbar xizmatiga olib keldi. Bu otliqlarning maoshini Akbar o‘z xazinasidan to‘lay boshladi. Bhagvan Dasning o‘n to‘qqiz yoshli devqomat o‘g‘li Man Sinxni Akbar xos mulozimlari qatoriga qo‘shdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 14:58:07
Budparastlikdan balodan qo‘rqqanday hazar qiladigan taqvodor ulamo va sadrlar bundan qanchalik norozi bo‘lishi Akbarga ma’lum edi. «Podshomiz kofirlarni erkalatib, boshimizga chiqarmoqda!» degan gaplar hali hozir ichkarilarda shivir-shivir nolish tarzida aytilayotgan bo‘lsa ham, hufiyalar orqali Akbarga yetib kela boshladi. Shayxulislom Abdulla Ansoriy o‘ziga qo‘l bergan Adham ko‘kaldosh va Bahodir¬xonlar bilan ziyofatlarda birga bo‘lardi. Ularga oxir zamon yaqinlashayotgani to‘g‘risida tahlikali karo-matlar qilar:
— Ya’juz-ma’juz deganlari — saroyga yopirilib kirib kelayotgan mana shu majusiylardir! — derdi. — podshomiz qaynog‘asi Bhagvan Dasdan battar yana bir majusiy rojani saroyga olib kelibdir. Ashula aytadigan qiziqchi roja Birbal podshomizni o‘ziga rom qilib olayotgan emish. Nahotki, bizning botir beklarimiz dinimizning pokligi uchun jon koyitmasalar? Musul¬monobodni saqlab qoladigan mard g‘oziylar qani?
«Mana, men!» deb, yurak yutib maydonga chiqa¬digan va Akbar bilan olisha oladigan beklar saroyda deyarli yo‘q edi. Faqat Mohim enaganing davrida xoni a’zam unvonini olgan Adhamxon yoshlikda Akbar bilan «tepishib» katta bo‘lgani uchun undan hayiqmas edi.
Ansoriy bilan Adhamxon Bayramxonga qarshi bir¬ga kurashgan edilar, uni Patanda yashiriqcha o‘l¬dirish maslahatini birga qilgan edilar. Adhamxon o‘sha kezda Ansoriyning sirdosh muridiga aylangan edi. Ikkovi yolg‘iz qolganlarida Adhamxon piriga maqtanib ham qo‘yardi:
— Podshomiz hozir juda havo boylab ketdi. Ammo besh-olti yasharligimizda biz u bilan «Bayramxon» o‘ynar edik. Bayramxon bo‘lgisi kelgan bola o‘yin qoidasi bo‘yicha shapati yeyishi kerak edi. O‘shanda men Akbarning yuziga ayamay shapati urganmen. Ko‘zlari yoshlanib ketsa ham «g‘ing deyolmagan!
— Botirsiz! — deb Ansoriy Adhamxonni maqtab ketdi. — Hozir butun mamlakatda sizdan dadil, sizdan nufuzli amir yo‘q. Onangiz Mohim bibi saroyda malikalardan ham baland martabaga erishdilar. Imoni pok muslimlarning suyanan tog‘i ona-bola ikkovingiz bo‘lib qoldingiz. Bayramxon quvilganda men sizni uning o‘rniga vakili saltanat bo‘lursiz deb umid qilgan edim.
O‘zi ham buni juda istab yurgan Adhamxon armon qilib dedi:
— Nachora? Meni «yosh» deyishib, Munimxonni qo‘ydilar.
— Ammo hali ham kech emas, janobi xoni a’zam. Siz yosh bo‘lsangiz ham Munimxondan yuz chandon donoroqsiz. Muniomxon podshohni kofirlarning ixti¬yoriga berib qo‘ymoqda. Roja Birbal ham Munim¬xonning bo‘shligi tufayli podshohning pinjiga kirib, musohib* bo‘lib olibdir. Qo‘yib bersak, hademay bu roja «vakili saltanat» bo‘lmog‘i mumkin.
Adhamxon bilan roja Birbal saroyda qattiq to‘qnashib qolgan. Ansoriy buni bilardi. U ataylab adhamxonning dil yarasiga tuz sepish uchun:
— Janobi xoni a’zam, roja Birbal saroyda haddidan oshib, sizday buyuk bekka ham til tekkizgani rost¬mi? — deb so‘radi.
Adhamxon bu noxush hodisani eslaganda yuzi birdan burishib:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:00:40
— Saroyda emas, daryo bo‘yida, — dedi.
Akbar, Adhamxon, Birbal va yana bir qancha mulozimlar Jamna bo‘yida buzoqlar o‘tlab yurgan joydan piyoda sayr qilib o‘tayotganlarida, gap aylanib ko‘kaldoshlarga keldi. Adhamxon o‘zining ko‘kal¬dosh¬ligidan ortiq darajada kerilib yurishini roja Birbal ham sezgan edi. Akbar undan:
— Sohib Birbal, sizning ham ko‘kaldoshingiz bo‘lganmi? — deb so‘radi.
— Bo‘lgan, hazrat podsho.
— Kim?
— Hazratim, aytsam odobsizlik bo‘lg‘ay!..
Roja Birbalning qiziqchiliklarini yoqtiradigan Akbar:
— Aytavering, siz uchun odobsizlik sanalmagay! — deb uni qo‘ymadi.
Roja birbal o‘tlab yurgan yuvosh bir buzoqni yetaklab keldi:
— Onamning suti yetmagani uchun bolaligimda sigir sog‘ib berishgan. Shu sababli mening ko‘kal¬doshim — mana shu buzoq!
Akbar xaxolab kuldi. Lekin Adhamxon bu gapni o‘ziga olib, «roja meni buzoqqa tenglashtirdi!» deb achchig‘i keldi. Ansoriy hozir uning o‘sha eski alamini yangilay boshladi:
— Roja majusiy bo‘lgani uchun sigir-u buzoqni muqaddas bilur. Ammo siz-u biz uchun onaning oq suti nahotki... Shunday latifaga munosib ko‘rilsa!
Adhamxon belidagi xanjarning sopini g‘azab bilan g‘ijimlab:
— Tangri haqi, men bu rojadan qasd olmog‘im kerak! — dedi.
— Janobi xoni zamon, bittasini yo‘q qilsangiz, boshqalari qolur. Biz majusiylarning hammasini saroydan daf etmog‘imiz kerak.
— Qanday qilib, taqsir?
— Ko‘p ishlarga Munimxonning bo‘shligi sabab bo‘lmoqda. Uni birato‘la daf etadigan dono yo‘l topmog‘imiz lozim!
— Menga o‘sha dono yo‘lni ko‘rsating-da, piyrim!
— Bu yo‘l — Munimxonni ketkazib, o‘rniga sizni vakili saltanat qilib ko‘tarishdir.
O‘zi ham shu yuksak lavozim orzusida yurgan Adhamxon suvga tashlangan baliqday yayrab:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:01:02
— Minnatdormen, piyrim! — dedi. — Ammo podsho bunga ko‘nmasachi?
— Ko‘plashib harakat qilsak, podsho ham ko‘ngay. Axir siz uning birga o‘sgan eng qadrdon tengdoshisiz. Onanizga podshoning ishonchi baland. Paytini topib aytsinlar. Men ham barcha ulamolar nomidan sizni tavsiya etay. O‘zingiz ham bo‘sh kelmang, tarafdorlaringizni ishga soling.
— Dono maslahat berdingiz, piyrim! — deb Adhamxon engashdi-da, Ansoriyning etagini o‘pdi.
Shu maslahat bo‘yicha Adhamxonni Munim¬xonning o‘rniga vakili saltanat qilib ko‘tarish harakati boshlandi. Bu harakat Akbardan sir tutildi. Chunki shayx Ansoriy Adhamxonni Akbarning yangi siyosatiga va saroyda g‘ayridinlarning ko‘payishiga qarshi g‘ov qilib ko‘tarmoqchi bo‘lgani mutlaqo sezilmasligi kerak edi.
Dehli viloyatining hokimi Shahobiddin ham jiyani Adhamxon tomonga o‘tdi. Eng iflos fitnalarda qatnashib mansabdor bo‘lgan Afzalbek — Muborizxon o‘z homiysi Adhamxonni vakili saltanat qilib ko‘tarish uchun yana har qanday qotillikka tayyor edi. Chunki u Adhamxonning yuksalishiga yordam bersa, o‘zining martabasi yanada oshishiga, kelajakda biror viloyatning hokimi bo‘lishiga ishonardi.
Mohim enaga hali ham Akbarga mehribon, uning hind enagasi Rupa bibini va yosh xotini Jodha Bayni qo‘lidan kelganicha e’zozlaydi. Shu bilan birga u yaxshi ko‘rgan o‘g‘li Adhamxonning martabasi yanada oshishini va uning vakili saltanat bo‘lishini istaydi. Mana shu istak enagani beixtiyor yashirin kurash girdobiga tortdi. Enaga oqibati yomon bo‘lishini tasavvur etmasdan va Akbarning yangi siyosatiga qar¬shi borishni o‘ylamasdan, «faqat o‘g‘limni Munim¬xonning o‘rniga vakili saltanat qilsam bas, orzuim ushalgay» degan niyatda Maxdumul Muluk bilan til biriktirdi.
Saroyda katta nufuzga ega bo‘lgan Mohim enaga bosh qo‘shgandan so‘ng yashirin guruh katta kuchga aylandi. Adhamxon goho shirakayf bo‘lib yurar, Mu¬nimxonga «jon kerak bo‘lsa o‘rinni bo‘shat!» degandek taxdidlar qilar edi. Yumshoq tabiat Munim¬xon Bayramxonday odamni mahv etgan bu guruhdan qo‘rqar, Mohim enaga bilan Adhamxonning qovo¬g‘iga qarab turar edi. Xastalanib yuzi sarg‘ayib qolgan Munimxon axiyri Akbarning huzuriga kirib iltimos qildi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:01:15
— Hazratim, menga yengilroq ish bering, mayli vakili saltanatlikka Adhamxon o‘tsinlar! — dedi.
— Biroq, Adhamxon xoni a’zamlik unvonini ham ko‘tarolmay hovliqib qolmoqda. Vakili saltanatlikni u eplay olmagay.
— Mohim enaga yordam bersalar, balki eplarlar?
— Sizga bu fikrni... enagam berdilarmi?
— Ha, u kishining niyatlari shu.
— Lekin shayx Ansoriy Adhamxonni mening yangi siyosatimga qarshi qayrab yuribdir. Bular rajputlarni saroydan quvmoqchilar. Nahotki enagam buni bilmasa?
— Enagangiz o‘g‘lining martabasi oshishini juda istaydir. Ona-da!
Akbar Munimxonning Mohim enaga va Adham¬xon tazyiqiga bardosh bera olmasligini sezdi. Hech kimga bildirmay, Kobulga maxfiy maktub yubordi-yu, Shamsiddin atkani poytaxtga chaqirtirdi.
Bu orada janubiy viloyat bo‘lgan Malvada Sherxon sur avlodlaridan bo‘lgan Bo‘z Bahodirga qarshi yurish boshlandi. Akbar Adhamxonga katta ishonch bildirgan bo‘ldi-da, o‘n ming qo‘shinga uni sarkarda qilib, Malvaga jo‘natdi.
— Bo‘z Bahodir saroyida Rupmati degan mashhur xonanda qiz bor ekan, shuni Agraga tirik olib ke¬ling!— deb buyurdi.
Adhamxon Malvada yurganda Shamsiddin atka Kobuldan yetib keldi va Munimxonning o‘rniga va¬kili saltanat qilib tayin etildi. Shu orada Adhamxon ham Bo‘z Bahodirni yengib, katta o‘ljalar bilan Malvadan qaytdi.
Shamsiddin atka faqat Akbarning izmiga bo‘ysunar, Mohim enaga bilan Adhamxonni davlat ishlariga aralashtirmaslikka tirishardi. Akbar o‘zining qizil muhrini enagasidan qaytarib olib, Shamsiddin atkasiga bergan edi.
— Axir Adhamxon bolalikdan birga o‘sgan sodiq ko‘kaldoshingiz-ku, hazratim! Vakili saltanat bo‘lsa, siz uchun jonini bermas edimi?
Akbar Mohim enagani alohida ehtirom qilib:
— Ulug‘ ena, siz menga qanday yaxshiliklar qilganingizni hech vaqt unutmagaymen, — dedi. — Sizga doim farzanddek oqibat ko‘rsatish harakatidamen.
— Rost, hazratim, menga qilgan oliy inoyatlaringiz uchun oq sutimdan mingdan ming rozimen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:01:28
— Rahmat sizga, ulug‘ ena! Adham ko‘kaldoshimga ham yuksak xoni a’zam unvoni berildi, katta jogir ajratildi.
— O‘g‘lim sizdan ko‘rgan yaxshiliklarni unutsa ko‘r bo‘lgay! Men unga aytganmen!
— Men ham ko‘p... ogohlantirdim. Lekin Adhamxon katta davlat-u martabadan hovliqib qoldi. Shayx Ansoriy meni «kufr yo‘liga kirdi» deb ig‘vo qilayotganidan xabarim bor. Adhamxon esa unga qo‘l berib murid bo‘ldi, o‘sha shayxning qutqusiga  uchib yuribdir.
Mohim enganing o‘zi ham shayx Ansoriyning guruhiga qo‘shilib, o‘g‘lini vakili saltanat qilmoqchi ekanidan nahotki Akbar xabar topgan bo‘lsa? Bu odam yer tagida ilon qimirlasa bilar ekan-da! Lekin Mohim enaga sir bermaslikka tirishdi:
— Hazratim, yomon odamlarning gapiga ishonmang! Adhamxon siz chizgan chiziqdan chiqmagan! Siz uni Malvaga urushga yubordingiz. Sizga qarshi bosh ko‘targan Bo‘z Bahodirni yengib keldi! Shu bilan Adhamxon o‘z sadoqatini yana bir bor isbot qilmadimi?
Akbar bosh chayqadi:
— Afsuski, Adhamxon Malvada o‘rinsiz zo‘ravonliklar qilib, biz topshirgan nozik ishlarni buzib qo‘ydi. Rupmati degan malvalik xonanda qizning ta’rifini siz ham eshitgan bo‘lsangiz kerak. El-ulus orasida naql tarqalganki, Rupmati qo‘shiq aytganda, osmondagi oy ham, quyosh ham unga mahliyo bo‘lib to‘xtab qolur. Biz Adhamxonga buyurgan edikki, Rupmatini yaxshi muomala bilan o‘zingizga el qilib, poytaxtga boshlab keling, uning san’atidan biz ham bahramand bo‘laylik. Biroq Adhamxon Rupmatini asir olib, qo‘pol zo‘ravonliklar qilmishdir. El suygan go‘zal xonanda bu zo‘ravonlikka qarshi zahar ichibdi-yu, o‘zini o‘zi o‘ldiribdir. El-ulus bu o‘limni Adhamxon bilan bizdan ko‘rib, qattiq norozilik bildirmishdir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:01:43
— Ammo qizning o‘zi Bo‘z Bahodira ma’shuqa ekan. Unga sadoqat saqlab «javhar» odati bo‘yicha o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, buning uchun Adhamxon ayb-dormi?
— Men Malvaga o‘zim borib, hammasini taftish qilib keldim. Adhamxon boshqa malvaliklarga ham zulm o‘tkazmishdir. Jabr-u zulmga qarshi g‘alayon bosh¬langan ekan. Adhamxonni darhol Malvadan jo‘natib yuborib, to‘polonni zo‘rg‘a tinchitdik. Uning o‘rniga Pirmuhammad atkani hokim tayinlab kelgan edim, yana falokat yuz beribdi. Atkamiz yog‘iylarni quvib borib, daryodan o‘tayotganda suvga g‘arq bo‘lib ketibdir. Axiyri Abdullaxon o‘zbekni Malvaga hokim tayinlab jo‘natdik... Adhamxon boshda yaxshi ish tut-ganda, shuncha halokatlar yuz bermasligi mumkin edi.
— Beayb — parvardigor, deydilar, hazratim, Adhamxondan o‘tgan joyi ham bordir. Axir hali u yosh, tajribasi oz.
— Shuning uchun ko‘pni ko‘rgan tajribali Shamsiddin atka bizga vakil bo‘lgani ma’qul-da!
— Lekin ko‘kaldoshingiz juda o‘ksinib yuribdir. Uning ko‘nglini qanday ko‘tarishimni bilmaymen.
— Ko‘kaldoshim sal kamtar bo‘lmog‘i kerak, ulug‘ ena! Men o‘zim Adhamxon bilan so‘zlashgaymen. Siz bu ishlar tufayli ko‘p koyinmang. Davlat ishi shafqatsizdir. Siz esa mushfiq onasiz. Amal talashishlardan uzoqroq yurganingiz ma’qul. Shuncha mashaqqatlar bilan farzand o‘stirdingiz, kelinlar tushirdingiz. Endi uyda o‘ltirib shularning rohatini ko‘ring. Uyda zeriksangiz, o‘zingiz ochgan qizlar madrasasiga boring. O‘qishni istaydigan qizlar ko‘p emish, eski bino kichiklik qilsa, balki hovli to‘rida yangi bino qurdirgaymiz. Mening onam ham maqbara qurilishi bilan ovunib, davlat tashvishlarini unutdi. Onalarimiz endi faqat savob ishlarni qilsinlar, bezovta, notinch davlat yukini biz Shamsiddin atka bilan ko‘taraylik.
Akbar mayin gaplar bilan enagasini davlat ishlaridan chetlatayotganini sezgan Mohim bibi kuyunib yana ko‘ziga yosh oldi:
— Mayli, biz endi... keraksiz bo‘lib... chetga chiqaylik... Lekin Adhamxon... shuncha yillik qadrdoningiz.
— Adhamxonga mening qilcha ham kuduratim yo‘q. Faqat uning o‘zi amalparastlik ko‘chasidan chiqmog‘i kerak. Bu ko‘cha ne-ne odamlarni adash¬tirib, mahv qilib yuborganini o‘zingiz bilursiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:01:56
— Uni bu ko‘chaga sudragan yomon odamlar bor, hazratim. Adhamni o‘shalarning dastidan faqat siz qutqarmog‘ingiz mumkin!
— Xo‘p, siz uchun men uni yomonlar dastidan yulib olishga urinib ko‘ray. Ammo siz ham Adham¬xonga ayting, o‘zi ulardan qutulishga intilmasa, chetdan ming odam uringanda ham qutqarolmagay. Men buni rahmatli amakim Komron mirozoning taqdirida ko‘rganmen.
Mohim enaga Akbarning bu gaplarini o‘g‘liga o‘sha kuniyoq yetkazdi. Biroq endi Adhamxon o‘zi¬ning Muborizxon kabi sirdoshlari bilan orani uzolmaydigan darajaga yetgan, ularni bir-birlariga mah¬kam bog‘lab turgan avvalgi jinoyatlari ham bor edi.
Adhamxonning uch ming kishilik bek-u navkarlari orasida Afzalbekni eslatadigan odam borligini Akbar bir yil burun eshitgan, biroq taftish qilib ko‘rish uchun haligacha fursati bo‘lmagan edi. Endi Adhamxonni yomon odamlar dastidan qutqarishni Mohim enaga ham iltimos qilgandan so‘ng, Akbar Shamsiddin atkani o‘z huzuriga chaqirtirdi-da:
— Siz otam bor paytda xizmat qilgan sipohilarni yaxshi bilursiz, — dedi. — Adhamning mansabdor sipohilarini bir-bir taftishdan o‘tkazing. Ularning orasida xoin Afzalbek boshqa nom bilan yurgan bo‘lishi mumkin.
Shamsiddin atka Afzalbekni Kobulda, Komron mirzo xizmatida ko‘rgan edi. Adhamxon bilan Akbar u paytda ikki-uch yashar bola bo‘lganligi sababli uni unutib yuborgan edilar. Shamsiddin atka Adham¬xonning mansabdor sipohilarini saroyga bitta-bitta chaqirib suhbatlashganda Muborizxonning ovozi va ko‘zlari unga birdan Afzalbekni eslatdi. Bunday g‘alamislarga shafqat qilmaydigan Shamsiddin atka Afzalbekni ming qiynoqlarga solib tergov qildirdi. Humoyunga va Nizomga qilgan xiyonatlaridan tortib, Bayramxona ayg‘oqchi bo‘lgani va Akbarning ustidan chaqimchilik qilganlarigacha, undan so‘ng Adham¬xonga sotilib, Patanda Bayramxonning boshiga yetganigacha hammasini bir-bir bo‘yniga qo‘ydi. Ter¬govchi uning jinoyatlarini qog‘ozga yozib, o‘ziga imzo chektirdi. Shamsiddin atka kechki payt Akbarning xonayi xosiga tergov qog‘ozini olib kirib o‘qib berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:02:11
Bitta odamning yigirma besh yil davomida shuncha yovuzliklar qilishga ulgurganidan aqli tang qolgan Akbar jallodni chaqirdi-yu, g‘azab bilan buyurdi:
— Bu ablahning chaqimchilik qilgan tili, xoinlik qilgan iliklari, Bayramxonni o‘limga boshlab borgan oyoqlari bir-bir kesilsin, undan so‘ng butun vujudi xaloyiqning ko‘zi oldida parchalab tashlansin! Bu hukm butun poytaxtga, barcha viloyatlarga e’lon qilinsin, toki boshqa yovuzlar ham umrlari qanday tugashini bilib qo‘ysinlar!
Jallod bu hukmni ertaga jazo maydonida amalga oshirish uchun tayyorlik ko‘rgani ketdi. Akbar o‘zini sal bosib olguncha, Shamsiddin atka sukut qilib turdi. So‘ng unga tergov qog‘ozining Adhamga oid joyini ko‘rsatdi.
— Shunday xoinni vositachi qilib, Bayramxonni yashiriqcha o‘ldirtirgan odamlardan biri — Adhamxon ekan. Uni ne qilaylik?
Akbar yaqindagina yig‘lab kelgan Mohim enagani esladi. Aqli bovar qilmay:
— Nahotki ko‘kaldoshim shunchalik yomon jino¬yat qilgan bo‘lsa?! — dedi. — Ehtimol, bu g‘alamis Afzalbek endi Adhamni bizga sotmoqchidir?
— Sotqin bo‘lgach, sotishi aniq. Ammo uning dalili bor: Bayramxonni o‘ldirishda qilgan «xolis» xizmati uchun Afzalbek mansabdor bo‘lgan, Adhamxon onasi orqali harakat qilib, unga jogir berdirgan.
— O‘sha jogir ham mening ruxsatim bilan berilgan. Nahotki men shu qadar aldangan bo‘lsam?! Bola¬ligimizda Adhamxon, Aziz — uchalamiz doim xonboboga havas qilar edik... Bayramxon bo‘lgimiz kelar edi. Shunaqa o‘yinimiz ham bor edi. Nahotki o‘sha Adhamxon hajga ketayotgan qurolsiz Bayramxonni xoinlarcha o‘ldirishga bosh qo‘shgan bo‘lsa?!
— Hazratim, siz muncha otashin bo‘lmang. Hayotda nelar uchramas! O‘g‘lim Aziz menga aytib bergan edi. O‘sha o‘yinlar paytida ham Adhamxon ko‘p g‘irromlik qilar ekan, rostmi?
— Rost! Nachora! Adhamxonni shu bugun kechasi chaqirtirib, Afzalbek bilan yuzlashtiring. Agar jinoyati rost chiqsa, Adhamxonni ham hibsga oling. Qanday jazo berishni keyin o‘ylab ko‘rgaymiz.
Shamsiddin atka o‘z qabulxonasiga chiqqanda qo¬rong‘i tushib qolgan va qandillardagi shamlar yoqilgan edi. U shu kecha jinoyatchilarni yuzlashtirib ulgurishi kerak, chunki ertaga Afzalbekni jallod parcha-parcha qilib tashlaydi. Shamsiddin atka Adham¬xonni podshoning farmoyishi bo‘yicha zudlik bilan saroyga yetkazib kelish uchun uyiga maxsus odam yubordi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:02:25
Vakillik lavozimi Shamsiddin atkaga berilganidan buyon Adhamxonning atkani ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Shuning ustiga sirdosh beki Muborizxonni atka hibs qildi-yu, Adhamxonning dilidagi adovat yana bir darajada oshdi. Saroyning erkasi bo‘lib o‘rgangan Adhamxon endi shu atkaning harakatlari bilan nazardan qolayotganini sezgani sari alami oshib, undan qasd olishni ko‘ngliga tugib yurardi.
Bugun xuftonda Shamsiddin atka uni tergovga chaqirganda Adhamxon ulfatlari bilan mahva gulidan qilingan aroqni ichib kayf bo‘lib o‘ltirgan edi.
— Zudlik bilan borish kerak bo‘lsa, qani Xusham¬xon birga yur, — deb kallakesar yigitini imladi.
Ular ichki xonada to‘nlarining tagidan xanjar taqib olishdi. Adhamxon yigitiga tushuntirdi:
— Agar atka meni ham Muborizxonga o‘xshatib tuttirmoqchi bo‘lsa, o‘zining jazosini bergaymiz!
Xushamxon tushungan ma’noda bosh irg‘adi. Keyin ikkovi ham to‘nlarining ustidan odatdagiday qilichlarini taqib olishdi.
Vakilning qabulxonasiga kiraverishda bu qilichlarni yechib olib qolishdi. Qabulxonada o‘ltirgan tergovchi Muborizxonning bo‘yniga olib qo‘l qo‘ygan jinoyatlarini o‘qib eshittirar ekan, Adhamxon dahshatga keldi, Bayramxonni maxfiy qatl ettirishda uning ham ishtioki borligi tilga olinganda:
— Bo‘hton! — deb baqirdi. — Buni o‘zlaring to‘qib chiqargansenlar!
Shu payt to‘rdagi eshik ochildi-yu, Shamsiddin atka kirib keldi:
— Janobi Adhamxon, hozir biz sizni Afzalbek Muborizxon bilan yuzlashtirgaymiz. Bo‘hton bo‘lsa isbot eting.
Siri fosh bo‘lishi muqarrarligini payqagan shirakayf Adhamxon:
— Men u sotqinning yuzini ko‘rgim yo‘q! — dedi. Ayni paytda Shamsiddin atkaga qarshi dilida to‘plangan barcha keklar, adovatlar birdan junbishga keldi. Kayfi bo‘lgani uchun o‘zini tiyolmay baqirdi: — Sen meni ham hibs qilmoqchisen! Vakil bo‘lganing ozmi?! Endi men o‘rningni olib qo‘yishimdan qo‘rqib boshimga yetmoqchimisen?!
O‘g‘li tengi yigitning «sen-senlab» aytgan haqoratomuz gaplari Shamsiddin atkaning ham achchig‘ini keltirdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:02:43
— Sen «ko‘kaldoshmen» deb hovliqib ketding! Saroyga kayf bilan kelibsen! Bu ketishda o‘z boshingga o‘zing yetgaysen!
— Yo‘q, ungacha sening boshing ketgay! — Adham orqaroqda turgan Xushamxonga o‘girilib:
— Ur! — dedi-da, o‘zi to‘n tagidan taqilgan xanjarni sug‘urdi. Ularni qurolsiz deb o‘ylab bexavotir turgan Shamsiddin atka belidagi qilichini olishga ulgurmay Xushamxon uning bo‘yniga xanjar urdi. Atkaning bo‘ynidan qon otilib eshik tomonga qochganda Adhamxon ketidan yetib borib, biqiniga tig‘ sanchdi. Bu orada tergovchi chaqirgan soqchilar Xushamxonni urib yiqitdilar. Ammo Adhamxon yuqori qavatlarga qochib chiqib ketdi.
Soqchilar uni uchinchi qavatdagi haramning eshi¬gigacha quvib bordilar. Adhamxon bichilgan xabash qorovulning hayhaylashiga qaramay, Akbar uxlab yotgan xobgohning yo‘lagiga qochib kirdi. Haramga kirishga xaqqi yo‘q soqchilar tashqarida qoldilar.
Qotillik qilib, aql-xushini yo‘qotgan Adhamxon g‘ayrishuuriy bir tarzda Akbardan panoh istab, taqiqlangan haramga kirdi-yu, bir joyda to‘xtab turolmay, yo‘lak oxiridagi ayvonga o‘tib ketdi.
Haramning ichma-ich xonalari to‘rida Jodha Bay bilan uxlab yotgan Akbar pastda ko‘tarilgan to‘polondan cho‘chib uyg‘ongan edi. Yo‘lakda ham shovqin eshitilgach, sapchib turib, apil-tapil kiyindi-da, xobgohdan yo‘lakka chiqdi. Rang-quti o‘chgan Rafiq mahram qanday falokat yuz berganini shosha-pisha aytib berdi. Akbar bundan bir necha soatgina oldin tirik yurgan atkasining o‘ldirilganiga ishongisi kelmadi. Uning jasadi pastda yotganini eshitib, zinapoyadan pastga yugurdi.
Pastdagi qabulxonaning eshigi bo‘sag‘asida Sham¬siddin atka uzala tushib yotibdi. Akbar uning boshini qo‘liga ko‘tarib:
— Atka! Atkajon! — deb chaqirdi. Tanasi hali sovib ulgurmagan, ammo joni yo‘q. Humoyunni, Akbarning o‘zini necha o‘limlardan olib qolgan bu mard, dov¬yurak odam qo‘rqib oldin musht ko‘targan nomardlar dastidan halok bo‘lgani Akbarga shunday ta’sir qildiki, atkasining yuziga yuzini bosib yig‘lab yubordi. So‘ng birdan Adhamni esladi-yu, qalbida intiqom tuyg‘usi uyg‘ondi: — Shunday odamni o‘ldirgan Adham!.. Qani u qonxo‘r?
— Uchinchi qavatda... Soqchilardan qochib haramga kirib ketdi!
Akbar xobgohdagi Jodha Bayni esladi. Yosh kelinchak qotilni ko‘rib qo‘rqsa!.. Akbar endi yuqoriga qarab yugurdi. Devqomat ikki soqchi va Rafiq mahram Akbarni himoya qilish uchun uning ketidan haram yo‘lagiga chopib kirdilar. Adham ayvonda pusib turar edi. Qonlil xanjari hali ham qo‘lida. Ayvonga tushib turgan oy yorug‘ida ko‘zlari quturgan yirtqichnikiday chaqnab ko‘rindi. Qurolsiz Akbar hansirab unga yaqinlashar ekan:
— Ne qilib qo‘yding, ablah?! — dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:02:57
— Alam o‘tkazdi, qasdimni oldim! — xirillab dedi Adham. U o‘zini haq qilib ko‘rsatmoqchi bo‘layotgani Akbarning g‘azabini yana bir daraja oshirdi.
— Bayramxonni o‘ldirganing ozmidi?! — deb ko‘kaldoshining yuziga tarsaki urdi. Adham telbalarcha baqirib:
— Bas! Seni ham o‘ldirgaymen! — dedi-yu, xanjarini ko‘tardi. Odam o‘ldirib quturib ketgan Adhamga endi bari bir edi. U Akbarning ko‘kragiga xanjar sanchmoqchi bo‘lganda, o‘ng tomondagi soqchi biladigan mahkam tutib oldi. Ayni vaqtda, Akbar uning qulog‘i aralash bo‘yniga shunday kuch bilan musht urdiki, Adhamxon gandiraklab yiqila boshladi-yu, o‘zidan oldin xanjari yerga «shaq» etib tushdi.
— Bog‘lang bu iblisni! — buyurdi Akbar soqchila¬riga. Musht zarbidan bo‘shashib qolgan Adham qo‘li bog‘lanishiga qarshilik qilolmadi. Soqchilar uni hibsga olib ketmoqchi edilar. Lekin g‘azabdan rangi o‘chib, Adhamning ko‘kaldoshligini unutgan Akbar.
— Uloqtiring buni pastga! — deb qichqirdi.
Shu payt Kobulda Akbar uch yasharligida boshi ustidan uchib o‘tgan to‘p o‘qining vahshati borligini qaytadan quyunday chulg‘adi. Ular uchinchi qavatda turgan edilar, hovliga tosh to‘shalgan edi. Ayvondan uloqtirilgan odam toshga urilib o‘lishi aniq. Shuni bilgan qo‘riqchilar bir lahza ikkilandilar. Lekin g‘azabi avjiga chiqqanda o‘zini bilmay qoladigan Akbar yana baqirdi:
— Uloqtiring!
Akbar qattiq g‘azablanganda vajohati o‘zgarib, qanchalik qo‘rqinchli bo‘lib ketishini yigitlari endi ko‘rdilar. Ular qo‘li bog‘loqlik Adhamni shosha-pisha ayvondan pastga uloqtirdilar. Adham uchin¬chi qavatdan qulab tushayotganda jon achchig‘i bilan baqirdi. Hovliga to‘shalgan yassi toshlarga bo¬shi bilan qarsillab urilganda baqiriq birdan uzildi-yu, ovozi abadiy tindi.
Lekin Shamsidin atkaning uyidan eshitila boshlagan dod-faryod tuni bilan bosilmadi. Bo‘g‘iq va achchiq yig‘i tovushi Mohim enaganing uyini ham to‘ldirdi.
Shamsiddin atkaning xotini Jajji enaga, o‘g‘li Aziz ko‘ka va boshqa yaqinlari Adhamxonni qarg‘ab yig‘laydi. Ammo Mohim enaganing butun dard-u alami ichida. Uyidan tashqariga chiqadigan ahvoli yo‘q, o‘ttiz-qirq yillik qadrdonlarining ko‘ziga ko‘ri-nishga yuzi chidamaydi. O‘g‘li shuncha jinoyati ustiga Akbarga ham xanjar o‘qtalgani enaganing musibati ustiga qo‘shilgan yana bir og‘ir malomat bo‘ldi. Adhamxonni tobutga solib uydan olib chiqayotganla¬rida Mohim enaga shunday o‘rtanib yig‘ladiki, oyoqqa turolmay, ko‘ngli ozib yiqildi. Uni behush ahvolda uyga ko‘tarib kirib, to‘shakka yotqizdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:03:15
Hushiga kelganda ko‘zini ochsa, tepasida Akbar turibdi. Rangi o‘chgan, lablari pirpiraydi:
— Ulug‘ ena!.. Ne qilay? Ayting! Mening ham ilkim qon! Gunohim katta!
— Hibs qildirsangiz bo‘lar edi-ku...
— Hibs qildirishga ulgurolmadim!.. Sizning oldingizdagi gunohimni endi ne tavr yuvay? Ayting!
Mohim enaganing ko‘zlarida yosh g‘iltilladi.
— E, voh! Bu dunyo o‘zi bevafo, nopok... Hammaga qorasi tegarkan... Bergan oq sutim ham bulg‘anib qora bo‘ldi!.. Adham, jigarporam!.. Ming marta aytdim... Quloq solmadi... Ey, xudo!.. Odam nechuk bunday yaratilgan?
Adhamni o‘tga itarib, o‘zi chetda turgan yovuz odamlar bor, ulug‘ ena! Yoshlik qilib payqamay yurgan ekanmiz, zamon, muhit men suyangan tog‘larni o‘zimning ilkim bilan qulatish harakatida ekan. minba’d bu iblis muhit bilan boshqacha olishgaymen! Menga sizning madadingiz kerak, ulug‘ ena! Ta-biblarni yuboray, davolanib, tezroq oyoqqa turing!..
Biroq tabiblarning davosi kor qilmadi. Mohim enaga to‘shakdan qaytib turolmay, o‘g‘lining qirqi arafasida jon berdi.
Akbar farzanddek uning tobutini ko‘tarishdi. Mohim enagani Dehlining mashhur Kutb minori yoniga izzat-ikrom bilan dafn etdilar.

______________
* Afsonaga ko‘ra. M a n u — inson zotining ilk bobokaloni ekan. Hindlar uni o‘zlarining birinchi payg‘ambarlari deb bilgan. Manu qonunlari shariat va tariqat kuchiga ega bo‘lgan.
* D u h a z o r i — ikki mingboshi.
* M u s o h i b — yaqin suhbatdosh.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:03:38
S E K R I
BALOGARDON

Sabzarang to‘tiqushlar daraxtdan daraxtga chu¬g‘urlab uchib o‘tadi. Qorni oq, usti qo‘ng‘ir maymunlar shoxlarga osilib o‘ynaydi. Bo‘liq o‘t-o‘lanlarni qimirlatib, chipor ilon o‘rmalab o‘tadi. Qayerdandir uzoqdan ovchilar chalgan nafir* tovushi va filning na’ra tortgani eshitiladi.
O‘rmon ichi sersoya, salqin. Kesib ketilgan daraxtlardan birining kundasida Akbar o‘yga cho‘mib yolg‘iz o‘ltiribdi. Hozir hech kimni ko‘rgisi, hech kim bilan gaplashgisi kelmaydi. Suyangan odamlari birin-ketin halok bo‘lgandan beri ming otliq aravaning butun og‘irligi uning zimmasiga tushgan, saroyning og‘ir muhitida eng yaxshi hislari so‘nayotganday, dilini qandaydir karaxtlik chulg‘ab olayotganday tuyuladi. Bugun u Sekri o‘rmonlariga ovga chiqqan edi. Lekin ov qilgisi ham kelmadi, soqchilarni adashtirib mana shu kimsasiz joyni topib panaladi.
U hozir o‘rmondagi biron jonivorni o‘ldirishdan ko‘ra qalbidagi yaxshi hislarni tiriltirishga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Lekin soatlar o‘tadi, vujudidagi karaxtlik va ruhidagi so‘niklik hech tarqamaydi. Bir payt orqa tomondagi so‘qmoqdan kimdir o‘tlarni shitirla¬tib ohista yurib kelayotganini eshitdi. «Shu yerda ham tinch qo‘yishmaydi-ya», deganday norozi bo‘lib orqaga o‘girildi. Oq rido kiygan nuroniy mo‘ysafid hassa¬siga suyanib so‘qmoqdan unga qarab kelmoqda edi. Akbar Salim otani tanidi-yu, beixtiyor o‘rnidan turdi.
Sanganirdagi nikohdan beri Akbar uni ko‘rmagan, lekin uning suhbatini olishga ishtiyoqmand paytlari bo‘lgan edi. Shuning uchun Akbar unga peshvoz chiqdi. Salim ota ko‘rishayotib:
— Biz tomonlarga xush kelibsiz! — dedi.
— Uyingiz shu yerdami, Salim ota?
— Ha, o‘rmon chetida kulbam bor... Hazrat onangiz sizni «bormoqchi» degan edilar. Yetti yildan beri muntazirmen.
— Nechun yetti yil?
— Jaypurdagi to‘yga yetti yil bo‘ldi-ku.
Akbar vaqtning tez o‘tganidan taajjublandi. Kechagiday yodida turibdi: Sanganirda Salim ota nikoh o‘qigani uchun Akbar unga ikki yuz ming ru-piy in’om berdi. Chunki podsholarning nikohi uchun katta in’om berish azaliy odat edi. Humoyun Hamida bonuga uylanganda, quvg‘inda yurganiga qaramay, Abdulbaqo degan odamga nikoh o‘qigani uchun ikki yuz ming rupiy berganini Akbar onasidan eshitgan edi. Lekin Salim ota bu in’omni qabul qilmadi:
— Boylik imonni buzgay. Mening ustozi kalonim Farididdin Cheshtiga Eltutmish degan podsho to‘rtta qishloqni o‘n ikki ming bigh* yeri bilan in’om qilganda uzr so‘rab olmagan ekanlar. Podsholar davlat xarajatlari uchun mablag‘ yig‘ib, xazina saqlashlari, albatta, joiz. Ammo umrini haq yo‘liga bag‘ishlaydigan so‘fiylar boylig-u martaba tamaida bo‘lmasligi kerak. Olov o‘tinni qanday tez yeb bitirsa, tama-yu boylik so‘fiy¬ning imonini shunday yeb bitirgay... ma’zur tu¬ting, men ikki yuz ming rupiyni ololmagaymen.
— Ehtimol, bu in’omni beva-bechoralarga xayr-u ehson qilib tarqatursiz? — so‘radi Akbar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:03:50
— Hazratim, agar beva-bechoralar xursand bo‘lsin desangiz, ularni adolatsiz soliqlardan ozod qiling.
— Qaysi soliq adolatsiz ekan, Salim ota?
— Jizya musulmonlardan olinmaydir. Uni faqat g‘ay¬ridinlar to‘lashga majbur. Siz hind qiziga uylan¬dingiz, uning imon-u e’tiqodini ehtirom etmoqdasiz. Buning uchun sizga ming tashakkur. Ammo sizning qaynatangiz Bhari Mal, boshqa hind qarindoshlaringiz kabi jizya solig‘ini to‘lashga majbur. Bu — adolat¬danmi?
— Axir jizya — shariatda bor emish-ku?
— E, shariatda yo‘l ko‘p! Uni istagan tomonga burib manfaat ko‘uvchi tamagir ruhoniylar bor. Hindistonda to‘qqiz asrdan beri o‘nlab musulmon podsholari o‘tgan, lekin birortasi shu adolatsiz soliqni bekor qilishga jur’at etmagan. Umidim borki, endi shunga siz jur’at etursiz! Faqir-u bechoralarga qilgan xayr-u ehsoniniz ham, menga bergan ulug‘ in’omingiz ham shu bo‘lg‘ay!
Akbar o‘shanda bu so‘zlarga javob topolmay lol bo‘lib qolgan, Salim ota esa ikki yuz ming rupiy in’omni olmasdan, dasturxondan faqat ikkita non olib beliga tukkan va Sekriga piyoda qaytib ketgan edi.
Muslim-u hindni bir-biriga qarshi qo‘ymasdan oliq-soliq bobida ularni barobar ko‘rishni Akbarning o‘zi ham juda istardi. Akbar tajriba uchun jizyani bir yilga bekor qildi. Shunda din peshvolari Ganga bo‘yida hokimlik qiladigan Aliqulixon va Bahodirxonlarni Akbarga qarshi qo‘zg‘atdilar. Jizyadan katta daromad oladigan bu beklar Akbarni «dindan chiqqan dahriy!» deb e’lon qildilar. Xutbani Akbarning Kobuldagi inisi Muhammad Hakim nomiga o‘qita boshladilar.
Panjobdagi mutaassisblar ham Aliqulixonga qo‘¬shilib, Akbarning itoatidan chiqish xavfi tug‘ildi. Shundan so‘ng Akbar jizyani qayta tiklashga majbur bo‘ldi. Aliqulixon bari bir uning hokimiyatini tan olmadi, Ganga bo‘yida Akbarga qarshi qilich ko‘tarib jangga chiqdi. Bu jangda uning o‘zi ham, inisi Bahodirxon ham halok bo‘ldilar.
Akbar buning hammasini Salim otaga aytib ber¬di-da:
— Soliq bobidagi islohot bizni ikki o‘t orasida qoldirdi! — dedi. — Amir-u beklar isyonini bartaraf qilishga ulgurmasimdan dehqonlar g‘ulu ko‘tardilar. Hatto shu Agra atroflarida ham qaroqchilar kurruriy*larni o‘ldirib, pullarini talab ketmishlar!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:04:40
— Bu hodisadan mening xabarim bor, — dedi Salim ota. — Kurruriylar soliq yig‘ish huquqini sizdan sotib olgandan so‘ng insofni unutganlar. Dehqon¬lardan soliqni uch hissa ortiq yig‘ib, bir hissasini davlatga bersalar, ikki hissasini o‘zlari olmishlar, sudxo‘rlardan battar boyib ketmishlar.
— Nafsini tiymagan kurruriylarni biz jazoga tortdik. Ammo qaroqchilar ularning pullarini g‘orat qilgan ekan...
— Eshitdim, siz o‘zingiz jangovar filni minib g‘ulu ko‘targanlarga qarshi qo‘shin tortmishsiz. Lekin kurruriylar adolatsizlikdan bezor bo‘lib isyon ko‘targan dehqonlarni sizga «qaroqchi» qilib ko‘rsatgan ekan. Bu dehqonlar kurruriylarni g‘orat qilgan emas, ikki-uch hissa ortiq undirilgan soliq haqini qaytarib olgan!
— Shu rostmi, Salim ota?
— Rostki, mana, tepamizda yaratganning o‘zi guvoh. Men ko‘rgan narsamni aytmoqdamen. Holbuki amaldorlar voqeani sizga butunlay teskari tu-shuntiribdir.
Akbar isyon ko‘targan «qaroqchilarning» qishlog‘iga bostirib borgan paytini, o‘zi mingan zo‘r fil tomiga poxol yopilgan kulbalarni oyog‘i bilan urib yiqitganini, shunda bambuk xodalari orasidan qaroq¬chilar emas, ayollar va bolalar chinqirib chiqqanini esladi-yu, xijolat chekib dedi:
— Xom sut emgan banda... aldangan ekanmiz. Kurruriylardan butunlay voz kechdik. Soliq mahkamalariga boshqa insofli odamlarni qo‘ymoqdamiz.
— Xayrli bo‘lsin! Biroq nechun ma’yus ko‘rinursiz?
— Meni ezib yurgan tashvishlar tog‘ning toshlariday ko‘p. Qaysi birini aytay?
— Lekin zafarlaringiz ham ko‘p-ku. Nechun ulardan quvonmaysiz? Chitorda katta jasorat ko‘rsatibsiz. Ovozasi Sekriga ham keldi...

_____________
* N a f i r — surnayning bir turi.
* B i g h — bir gektarning uchdan biri.
* O‘ n i k k i  m i n g  b i g h— to‘rt ming gektar.
* K u r r u r i y l a r — soliq yig‘ish huquqini davlatdan sotib olgan puldorlar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:05:01
* * *

Akbar Dehlining g‘arbi janubida uch yuz ellik mil uzoqlikda joylashgan Chitor qal’asini esladi. Mevar viloyatining markazi bo‘lgan bu qal’a tog‘ tepasiga juda mustahkam qilib qurilgan edi. Bir vaqtlar Hu¬moyun itoatida bo‘lgan bu viloyatni Akbar tinch yo‘l bilan yana markaziy davlatga qo‘shmoqchi bo‘ldi va qaynisi Man Sinxni Chitor sarkardasi Jaymalning ol-diga yubordi.
Ammo Man Sinx Chitor qal’asiga borganda Jaymal uning oldiga kelib gaplashishni ham o‘ziga munosib ko‘rmadi. Man Sinx qal’a ichidagi bir xo-nada uch soat betoqat bo‘ib kutdi-yu, axiyri natijasiz qaytib ketdi. U ketayotib orqasiga qarasa, Jaymal kelib odamlariga qattiq-qattiq gapiryapti:
— Xoin Man Sinx o‘ltirgan xona uning nafasidan harom bo‘ldi! Endi bu xonaga muqaddas Ganga suvidan sepib, uni poklanglar!
Hindcha imon-u e’tiqodini pok tutadigan Man Sinx uchun bu gaplar misli ko‘rilmagan bir haqorat edi.
Chitor to‘rt oygacha Akbarga darvoza ochmadi. Qal’a himoyasini o‘sha Jaymal boshqarmoqda edi. Akbar unga maktub yo‘lladi:
«Jaymal Ratxorni botir yigit va fil jangiga usta deb eshitdik. Shu gap rost bo‘lsa fil minib maydonga chiqsin. Men u bilan yakkama-yakka fil jangi qilmoq¬chimen. Ikkovimizdan qay birimiz g‘olib chiqsak, o‘shaning qo‘shini zafarga erishgan hisoblangay. Urush ortiqcha talafotsiz tugagay».
Lekin Jaymal Akbarning bu taklifini qabul qilma¬di— u darvozani ochib, qal’adan chiqsa aldab qo‘lga tushirishlari mumkin deb o‘yladi. Shundan keyin Akbar yana qal’a devorlari tagidan naqb qazishni buyurdi. Birdan yetti-sakkiz ming odam qazigan naqbga borut qo‘yib portlatsalar, mustahkam devor ham qulashi mumkin edi. Bundan xavotirga tushgan qal’a himoyachilari to‘p-to‘p bo‘lib devor ustiga chiqdilar-da, pastda naqb qaziyotganlarning ustiga og‘ir toshlarni, yonib turgan xodalarni ota boshladilar. «To‘ra» deb ataladigan katta qalqonlar Akbarning odamlarini tepadan o‘qlar va tosh-poshlardan himoya qilar, yangi-yangi kuchlar shu qalqon tagida devor tagiga yetib borib, uni mo‘ri-malaxday kemirib, naqb qazir edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:05:16
Akbar bu to‘polonni ataylab ko‘tartirgan edi. U qal’a devoriga barobar turgan sun’iy tepalik ustida shox-shabbalar va toshlar panasida o‘ltirib, Jaymal¬ning qal’a devori ustiga chiqishini poylay boshladi. Pastda hujum kuchayib ketgach, Jaymal himoyachilarga boshchilik qilish uchun devor tepasida paydo bo‘ldi. Ammo ora xiyla uzoq, Akbar Jaymalning faqat suratini ko‘rgan, uni tanib olishi oson emas. Lekin tabiat Akbarga favqulodda o‘tkir ko‘z bergan. U kunduz kuni osmonning quyoshdan uzoqroq turgan qismlariga tikilib qarasa, milt-milt qilib turgan yulduzlarni ko‘radi. Hozir u qal’a devorida turgan Jaymalning ovozini eshitmasa ham, himoyachilarga buyruq berganda lablari qanday qimirlaganigacha ko‘rdi-da, «Novak» deb ataladigan kattakon yoyga o‘q joyladi.
Novakni faqat bilagida kuchi ko‘p yigitlargina ota olar, uning o‘qi oddiy yoynikidan uzoqroqqa borar va qattiqroq tegardi. Devor ustidagi Jaymal ham novakdan pastga ketma-ket o‘q otib, Akbarning yigitlaridan uch-to‘rttasini qulatdi. U novakka yana o‘q o‘rnata¬yotgan paytda Akbar ko‘tarma ustidan otgan o‘q Jaymalning chap ko‘kragiga shunday kuch bilan sanchildiki, yarmigacha botib ketdi. Jaymal devordan yiqilib ketadigan bo‘lganda uni yonidagilar tutib qoldilar. U o‘sha kuni jon berdi.
Bu hodisa jang taqdirini hal qildi. Sarkardasidan ayrilgan chitorliklar g‘alabadan umidini uzdilar. Ayollar javhar odati bo‘yicha yov qo‘liga tirik tushmaslik uchun yoppasiga o‘zlarini yonib turgan gulxanga tashlab, kuyib halok bo‘ldilar. Tirik qolgan yigitlar esa Patta degan dovyurak rajput boshchiligida arg‘uvon rangli kiyim* kiyishib, qal’a darvozalarini ochdilar-u Akbar tomonga hamla qildilar. Naqd o‘limni bo‘yinlariga olib jang qilgan rajputlardan biri-ning novakdan otgan o‘qi Akbarning boshidagi dubulg‘aga tegib o‘tdi.
Birdan Akbar uch yoshdaligida Kobul arkida to‘p o‘qiga nishon bo‘lib turgan paytidagi dahshatli tuyg‘ular quyuni qaytib keldi-yu, uni chirmab aylantira boshladi. Chitorda go‘zal ayollarning javhat o‘tida kuyib o‘lganligi ham uning g‘azabini avjiga chiqardi. Kobulda tepasidan uchib o‘tgan to‘p o‘qi qulog‘iga eshitilib ketganda o‘zini bilmay qoladigan Akbar:
— Johillarni asir olmanglar! — deb qichqirdi. Shunda go‘yo qulog‘i to‘p o‘qidan bitib qolganday, o‘z ovozi o‘ziga eshitilmadi: — Qatliom qilinsin! Chitorda qatliom!!
— Qatliom! — degan farmon saflar bo‘ylab tar¬qaldi.
Chitor aholisi orasida begunoh chollar, ayollar, bolalar bor edi. Ularning qatliom qilina boshlaganidan dahshatga tushgan Man Sinx jang maydonidan Akbar turgan tepalikka ot choptirib bordi. Qatliom haqidagi farmonni bekor etishni o‘zining rajput jangchilari nomidan qat’iy iltimos qildi. Akbar bu farmon tufayli butun hind elini o‘zidan bezdirib qo‘yishi mumkinli¬gini endi sezdi. Hushini yig‘ishtirib, qatliomni to‘x¬tatish haqida yangi farmon berdi. Ammo bu farmon barcha jangchilarga yetib borguncha qancha begunoh odamlar halok bo‘ldi. Ularning ko‘chalarda qalashib yotgan jasadlari haligacha Akbarning ko‘z oldidan ketmaydi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:05:31
Uni merganligi va Jaymalni otib g‘alaba keltirgani uchun maqtaydiganlar ko‘p. Lekin Akbar Chitorda behuda to‘kilgan qonlar uchun o‘zini aybdor sezadi. Bu qal’aning mard himoyachilari Jaymal va Pattaga ich-ichidan tan bergani uchun hind haykaltaroshlariga buyurtma berib, ularning marmar haykallarini yasatdi.
Bu orada Agrada yangi La’l Qal’a qurib bitirilgan edi. Fil ustida o‘ltirgan Jaymal va Pattaning haykallari Akbarning buyrug‘i bilan qal’a darvozasining ikki tomoniga o‘rnatildi. Qal’a ichida Jodha Bay uchun hindcha ibodatxona qurilganidan norozi bo‘lib yurgan mutaassiblar endi qal’aga kiraverishda ko‘zga tashlanib turadigan haykallarni ko‘rib «budparastlik bizga makruh!» deyishar va yuzlarini burishtirib o‘tishardi. «Podshomiz g‘ururga berildi, o‘z g‘alabasini ko‘z-ko‘z qilmoq uchun majusiylarga haykal o‘rnatdi», deb, Akbarni chekka-chekkada yomonlab yurgan beklar ham bor edi. Xufiyalar podshoga hamma gapni yetkazib kelishardi. Uning qabuliga kelgan sipohilar va mulozimlar ham bir-birlarining ustidan shuncha ko‘p chaqimchilik qilishar, bir-birlari haqida shunday yomon ma’lumotlar berishar ediki, goho Akbarning odam zotidan ixlosi qaytib ketardi. Hech kimni ko‘r¬gisi va hech kim bilan so‘zlashgisi kelmay qolar edi.
Hozir shu o‘rmonda nuroniy chol Salim otaga dilini yorib:
— Odam nechun bunday yaratilgan? — dedi Akbar. — Marhum enagam bergan bu savolga hamon javob topolmaymen... Faqat boshqalar emas, o‘zim ham... g‘azab ustida shafqatsiz ishlar qilib, keyin bundan iztirob chekib yururmen... Chitorda qancha begunoh qonlar to‘kildi. Vijdon azobini bosmoq uchun halok bo‘lganlarning ikkitasiga haykal qo‘ydir¬sam... odamlar shundan ham ayb topmoqdalar.
— Rost, inson zoti dahshatli ziddiyatlar iskanjasiga tushib qolmishdir. Tashqi olamda unga adolatsiz muhit, shafqatsiz zamona azob berur. Ichida esa ushalmaydigan orzular, turli istak-intilishlar, nafs-u g‘urur xuruj qilur. Agar inson zoti shu ichki-tashqi ziddiyatlar iskanjasidan qutulsa olamda undan qudratli, undan dono, undan mukammal jonzod to-pilmagay.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:05:47
— Bu iskanjadan qutulish mumkinmikin o‘zi, Salim ota?
— Faqat insoni komilning qutulmog‘i mumkin.
— Insoni komil — rivoyatlardagina bor. Hayotda men hech ko‘rmadim.
— Insoni komil — mutlaq haqiqat kabi yuksak e’tiqoddir. Qalbiga shu e’tiqodni joylagan odam tashqi olamdan ham, o‘z dilidan ham nuqson-u illatlarni baholi qudrat yo‘qotib borgay. Takomil yo‘li — botiniy dunyo orqali o‘tgay. Har birimizning ichimizda nafs, obro‘parastlik, boshqa o‘jar istaklar borki, ular goho tashqi dushmandan ham xatarliroq bo‘lur. Ularni yengish — o‘rmondagi arslonni yengishdan ham kattaroq matonat talab qilgay. Agar tashqi dushmanni yengsangiz-u ichingizdagi nafs, g‘azab, shahvat kabi balolarni yengolmasangiz, ular g‘olib kelib, sizga yomon ishlarni qildirsa, narigi katta g‘alabangiz tatimagay. O‘zingizdan o‘zingiz yengilib, ta’bingiz kir bo‘lib yurganingiz — yomon bir mag‘lubiyat emasmi?
Salim ota Akbarning vujudini karaxt qilib turgan sovuq muzni o‘zining haroratli nafasi bilan eritayotganday bo‘ldi. Akbar shu haroratga dilini yanada yaqinroq tutgisi kelib:
— Rost! — dedi. — Tashqi zafarlarim ichidan kutilmagan dilsiyohliklar chiqib kelmoqda, men ularga qarshi chora topolmay lolmen!
Salim ota Akbarning ochiqroq so‘zlashini kutib, yuziga tikilgancha jim turdi. Lekin Akbar oxiri haramga borib taqaladigan o‘ta chigal dilsiyohliklar haqida qanday so‘z ochishni bilmay bir lahza sukut qildi.
Uning hind ulusi bilan yangicha siyosat yurgiza¬yotgani faqat davlat ishiga emas, shaxsiy hayotiga ham kutilmagan o‘zgarishlar olib kirmoqda edi. Chitorning olinishida Akbarning o‘zi jasorat ko‘rsatgani, Jaymal bilan Pattaning qahramonligiga tan berib, ularga Agrada haykal qo‘ydirgani, saroyda Bhagvan Das, Todar Mal kabi hindlarga yuksak lavozimlar bergani, Jodha Bay uchun qal’a ichida maxsus ibodatxona qurdirgani butun mamlakatda ovoza bo‘lgan, hali markaziy davlatga bo‘ysunmagan rajput rojalarining unga munosabati o‘zgara boshlagan edi. Chitordagi jang Akbarning boshqa rajput qo‘rg‘onlarini olishga ham kuchi yetishini ko‘rsatdi. Behuda qon to‘kilmasin uchun Akbar goh Bhagvan Dasni, goh Man Sinxni dushmanlik ruhida yurgan rajput qo‘rg‘onlariga elchi qilib yuborar edi. Bundi viloyatidagi eng mustahkam qo‘rg‘on — Rantxambxor qamal qilingan paytda esa Akbarning o‘zi navkar kiyimini kiyib, elchi Man Sinxning yonida oq bayroq ko‘targancha qal’aga kirdi. Qal’a himoyachilarining boshlig‘i Surjan Rao avval Akbarni tanimadi. Man Sinxni jerkib:
— Senlar rajput g‘ururini yerga bukdilaring, Jaypurni urushsiz topshirdilaring, muslimlar qancha kamsitsalar ham bo‘yin egib turishlaring uyat emasmi?— dedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:06:00
— Biz qaysi kamsitishlarga bo‘yin egibmiz, maxaroja? — deb so‘radi Man Sinx.
— Jizya solig‘i olish — kamsitish emasmi? Rajput sarkardasi devoniomga qurol taqib kirishi mumkin emas. Demak, podsho senga ishonmaydi. Bu — kamsitish emasmi? Rajput qizlari saroyga tortiq tarzida yuborilishi kerak. Podsho uni qonuniy qilib nikohiga olmasa! Faqat vaqtinchalik joriya... Kamsitish bundan ortiq bo‘lurmi?
Akbar mag‘rur el bo‘lgan rajputlarning bu gina-kuduratlarini navkar kiyimida turib o‘z qulog‘i bilan eshitgandan so‘ng:
— Maharoja, — dedi Surjonga, — siz haqsiz, bu kamsitishlar bartaraf etilmog‘i kerak. Shu shart bilan sulh tuzishga rozimisiz?
Surjon Raoning atrofidagi mulozimlardan biri Dehlida Akbarni ko‘rgan ekan, uni tanib qolib:
— Maharoja, bu so‘zlarni sizga Akbarning o‘zi aytmoqda! — dedi.
Elchi Man Sinx ham oq bayroq ko‘tarib kirgan navkarning Akbar ekanini endi aytdi. Surjon Raoning odamlaridan biri:
— Darhol tutmoq kerak, g‘alaba bizniki bo‘l¬g‘ay!— dedi.
Ammo Akbar Surjon Raoga qarab:
— Men sizning mard, olijanob sarkarda ekanligingizga ishonganim uchun huzuringizga o‘zim kel¬dim,— dedi. — Bizda «Elchiga o‘lim yo‘q» degan maqol bor!
Surjon Rao Akbarning dovyurakligiga tan berdi-yu:
— Rajputlar ham oq bayroq ko‘tarib kelgan kishiga tajovuz qilmaydigan mard ulusdir! — dedi.
Shundan keyin Bundi viloyatidagi urush — yarashga aylandi. Akbar Surjon Rao qo‘ygan shartlarni qabul qildi. «Rajputlar ham devoniomga qurol taqib kirishi, qal’a darvozasi oldigacha naqora chaldirib borishi, jizya solig‘ini to‘lamasligi, otlariga podshoning tamg‘a¬sini bosmasligi (kuydirib bosiladigan temir tamg‘adan otning sag‘risida yomon dog‘ qolar edi) mumkin» degan yangi qonun joriy etildi. Surjon Rao ikkita o‘g‘lini bir necha ming rajput yigitlari bilan Akbar xizmatiga yubordi.
Bundi viloyati shu shartlar asosida Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shilgandan keyin g‘arbda Jaysalmir, Bikanir, Joudxpur, janubi sharqda Qalan¬jar kabi rajput viloyatlari ham markaziy davlatga qo‘shilish haqida jiddiy o‘ylay boshladilar. Ikki orada turgan vositachilar yuqoridagi shartlardan tashqari rajput rojalariga Akbarning nomidan so‘z berdilarki, agar ular podshoni kuyovlikka munosib ko‘rsalar, saroyga yuboradigan qizlari Jodha Bay kabi qonuniy nikohdan o‘tadi, hindcha rasm-rusmlariga bemalol rioya qilib, izzat-ikromda yashaydi.
Bikanur rojasi Kahana Rao Akbarning qalamraviga ixtiyoriy ravishda o‘tdi-yu, o‘zining go‘zal qizini Akbarga nikohlab bermoqchi ekanini aytdi. Maxsus karvon Bhagvan Das boshchiligida Agradan Bika¬nurga borib, bu qizga podshoning sovg‘a-salomlarini yetkazdi, so‘ng uni sepi va qarindoshlari bilan poytaxtga olib qaytdi. Qal’ada bu qiz ham Jodha Bay kabi Akbarning nikohiga o‘tdi, saroy ahli uni qonuniy mali¬kalardan biri deb tan oldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:06:16
Sherxonni besh oy ovora qilib taslim bo‘lmagan va uni o‘ldirib tinchigan Qalanjar ham endi Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shildi va uning xaramiga yana bir ko‘hlik qizni kelin qilib yubordi.
Yangi qo‘shilayotgan viloyatlarning rojalari bilan aloqani mustahkamlash uchun ularga qon-qarindosh bo‘lish juda zarur, yangi siyosat buni taqozo qiladi. Ammo shariat bo‘yicha  Akbar to‘rttadan ortiq xotin olishi mumkin emas. Lekin ba’zi roja va maharojalarning o‘nlab xotinlari bor, hind dini bunga allanechuk yo‘l topib beradi. Jaysalmir va boshqa viloyatlarning rojalari Akbarni ham o‘zlari kabi ko‘p xotin olishga haqli deb hisoblab, uning saroyiga yangi-yangi qizlarni seplari bilan kelin qilib yubormoqchi bo‘lishdi. Ularning shahdini qaytarish mumkin emas. Akbar Jaypurga yoki Qalanjarga kuyov bo‘lgan ekan, nega Rantxambxorga yoki Joudxpurga* kuyov bo‘l-masligi kerak? Yana tag‘in bu viloyatlarning rojalari Akbarning dilini zabt etish uchun biri biridan jozibali, biri biridan aqlli qizlarini saroyga yuborishga intilishmoqda. Buning hammasidan xabardor bo‘lgan Akbar qozikalon Xo‘ja Yoqubni huzuriga chaqirib, shariatdan biron yo‘l topib berishni so‘radi.
— Hazratim, to‘rt xotindan keyingisi faqat joriya bo‘lmog‘i mumkin, — dedi Ansoriyning tarafdori Xo‘ja Yoqub.
— Lekin mut’a degan nikoh ham bor emish-ku!
— Mut’a — shialar o‘ylab topgan nikoh. Siz pok sunniy mazhablik tojdorsiz.
Akbar qozikalonning semiz yuziga noxush tikilib:
— Taqsir, siz yo‘lni tor olmoqdasiz, — dedi va ertasi kuni qozikalonni yomon ko‘radigan mulla Jaloliddin degan qozini devoni xosga chaqirtirdi.
Mulla Jaloliddin Xo‘ja Yoqubning raqibi edi. Akbarga yaxshi ko‘rinish uchun qalin bir diniy kitobni varaqladi-da, mamnuniyat bilan:
— Topdim! — dedi. — Mana, hazratim Rasululloh* davrida mut’a nikohi shar’iy bo‘lgan. Keyingi xa¬lifalardan Usmon uni bekor qilmishdir. Ammo xalifadan ko‘ra Rasululloh balandroq, uning davrida neki shar’iy sanalgan bo‘lsa, hazratim uchun ham bu haloldir.
Shu tarzda mulla Jaloliddin Xo‘ja Yoqubdan bilimdonroq ekanini isbot qildi-yu, uning o‘rniga qozikalon bo‘lib oldi. Har safar mut’a nikohini o‘qi¬ganda podsho unga hamyon-hamyon oltin ham in’om qilib turdi. Xo‘ja Yoqubning lavozimidan tushishi esa shayx Ansoriyni xafa qildi va uning Akbarga bo‘lgan yashirin adovatini yanada kuchaytirdi.
Shariat ham qonuniy yo‘l topib bergandan so‘ng, Akbar har yili o‘z davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shilayotgan bir talay maharoja va raolarga kuyov bo‘ldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:06:32
Din ham, ota-onalar ham, saroy muhiti ham buni qonuniy hisoblaydi, yangi qarindoshlar esa martaba orttirganlaridan mamnun.
Parokanda o‘lkalarni qarindoshlik yo‘li bilan ham birlashtirish maqsadida yangi-yangi roja va roalarga kuyov bo‘lgan Akbar avvallari o‘zining yigitlik kuchi va jozibasidan g‘urulanib, xotinlari uni talashishidan «toleim baland ekan» deb shukuhi ortib yurdi. Lekin vaqt o‘tishi bilan bu shirin hayotning tagida achchiq og‘usi borligi sezildi. Shuncha xotin bitta erga ko‘z tikib, kundoshlik azobida qovurilib yashashi og‘ir dilsiyohliklarga sabab bo‘ldi, homilador Jodha Bay kasal bo‘lib qoldi. Uning chala tug‘ilgan egizak o‘g‘ilchalari bir oy ham umr ko‘rmay vafot etdi. Salima begim qiz tuqqan edi, u ham turmadi. Akbarga mehr qo‘ygan bu yosh onalar endi undan oqibat ko‘rmaganlari uchun shunday o‘rtanib yig‘lashadi, farzand dog‘ida shunday kuyishadiki, Akbarning kapalakday guldan gulga o‘tib olgan lazzatlari endi zaharga aylanib, burnidan chiqqanday bo‘ladi. Shunday xotinlari bo‘la turib, haligacha bironta farzandi  yo‘qligi uni tegirmon toshiday ezadi.
Hozir o‘rmonda tanho o‘zi g‘amga botib o‘ltirganining bir sababi shu ekanini u Salim otaga aytib berdi:
— Yoshim yigirma yettiga kirdi, hamon o‘g‘ilga zormen. Bu ne badbaxtlikki, bir emas ikki o‘g‘ilni tuproqqa topshirdim! Mudom jang-u jadallarda, xavf-u xatar ichida yuribmen. Kunim bitsa ota-bobolar merosini kimga topshirib ketgaymen?
Salim ota tasalli berishga shoshilmay sukut saqladi. U so‘nggi marta Dehlida Hamida begim bilan ko‘rishganda, begim ham nevarasi yo‘qligidan ko‘p armon qilgan. Akbarning harami katta bo‘lib ketganini, bo‘yida bo‘lgan kelinlari ham kundoshlik do‘zaxida homilani asrab qololmayotganini kuyunib so‘zlagan edi.
— Ehtimol, irsiyat ham sababchidir, — dedi Salim ota. — Hazrat otangizning ham birinchi o‘g‘illari turmagan. Keyin siz tug‘ulganingizda otangiz... O‘ttiz to‘rt yoshda bo‘lganmilar?
— Nahotki, irsiyat meni ham o‘sha yoshgacha o‘g‘ilga zor qilsa?
— Siz bobongizga tortgan bo‘lishingiz mumkin.
— Lekin otam tug‘ilganda bobom yigirma besh yoshda bo‘lganlar. Men bu yoshdan o‘tdim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:07:27
— Shoh o‘g‘lim, agar sizga og‘ir botmasa, dilim sezgan achchiq bir haqiqatni aytay.
— Mayli, og‘ir botsa ham ayting!
— Irsiyat — noyob bir gavhardir. U avloddan avlodga butun holida o’tsagina yashab keta olgay. Agar yirik gavharni maydalab kukun qilib sochsangiz, uning gavharligi qolmagay.
Akbar Salim otaning nima demoqchiligini fahmlab, yuzi xijolatdan bir qizardi. Lekin diliga qadalib turgan zaharli tikanlarni Salim ota bexato topgani uni qoyil qildi. Bu tikanlarga birov teginsa dili ozorlanadi, ammo ularni sug‘urib olib tashlamaguncha vujudidagi karaxtlik, ruhidagi so‘niklik yo‘qolmaydi. Qalbi ozor cheksa ham, bu tikanlarni faqat Salim otaning qo‘li bilangina olib tashlashi mumkinligini sezgan Akbar:
— So‘zingiz haq, davom eting, ota! — dedi.
— Tabiat hamma jonzotlardan o‘ziga munosib nasl yaratgay. Yigirma-o‘ttizta echkiga bitta taka. Undan ham ko‘p sovliqqa bitta qo‘chqor. Lekin echkidan uloq tug‘ulgay, sovliqdan — qo‘zi. Ulardan arslon tug‘ulmagay! Siz esa insonsiz. Insonlardagi juftlik arslonlarga o‘xshashdir. O‘rmonda arslonlarni ko‘r¬gan¬siz. Ota sher ona sherga qanchalik mehribon, qanchalik sodiq! Ana shu tufayli irsiyat gavhari bir nuqtaga jam bo‘lib, avloddan avlodga butun o‘tgay, so‘ng ota-onasiga munosib sherlar tug‘ulgay. Sizning ota-onangiz Sind o‘lkasida, Tar sahrosida bir-birlariga sherlarchla mehr-u oqibat ko‘rsatganlari uchun siz ham sherbachchaday sog‘lom, ko‘hlik, dovyurak bo‘lib tug‘ulgansiz.
Akbar o‘zining suyib uylangan xotini Jodha Bay shu kunlarda yana homilador bo‘lganini esladi.
— Salim ota, siz aytgan sherlikni mening ham qilgim bor. Faqat... qanday qilib Jodha bayni kundoshlar muhitidan qutqarishim mumkin? Uni qayerga olib ketay? Maslahat bering!
Salim ota hassasiga tayanib o‘rnidan turdi:
— Qani, yuring, avval men sizga o‘z kulbamni ko‘rsatay.

________________
* Arg‘uvon rangli kiyimni jangda shahid bo‘lishni bo‘yniga olgan rajputlar kiygan.
* R a n t x a m b x o r,  J o u d x p u r — Rajputana o‘lkasidagi vilo¬yatlar.
* R a s u l u l l o h — Allohning elchisi, ya’ni Muhammad payg‘ambar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:07:47
* * *

Tor so‘qmoq ularni o‘rmon chetidagi yalanglikda turgan mo‘jazgina dehqoncha uy oldiga boshlab chiqdi. Hovlida qora qo‘tos sigir kavshanib turibdi. O‘ng tomondagi tekis boshoq tortgan bug‘doy dalasi shabadadan mayin to‘lqinlanadi. To‘g‘rida suvi ko‘m-ko‘k kattakon ko‘l tovlanib ko‘rindi...
Uy ichi ozoda, ammo jihozlar kambag‘alona. Bo‘yra ustiga sholcha tashlangan. Salim ota Akbarni to‘rga o‘tkazib, dasturxonga to‘rtta bug‘doy non qo‘y¬di. Xotini sopol kosada qo‘tosning qatig‘idan keltirdi. Akbar qatiqni kosaning labidan xo‘plab ichar ekan, bu unga behad shirin tuyuldi. U tokchadagi kitoblarga qiziqib qaradi.
Salim ota Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy va ma’naviy»sini, Farididdin Attorning «Kuliyoti»ni, Xusrav Dehlaviyning «Xamsa»sini, Navoiyning «Chordevon»ini unga bir-bir olib ko‘rsatdi.
— Men yiqqan yagona boylik mana shu kitob¬larimdir, — dedi.
— Siz mendan boyroqsiz, Salim ota! — dedi Akbar. — Sizdagi ma’naviy boylikni men hali o‘z qalbimga zarralab yig‘olganim yo‘q. Shuning uchun menga saxovat ko‘rsating.
— Bajonidil, borimni sizga in’om etishga tayyormen.
Akbar Salim otaning uyidan tashqariga chiqdi-yu, bu yerdagi havoning tozaligidan, o‘rmon, ko‘l, bu¬g‘¬doy¬zor — hammasining go‘zalligidan, eng muhimi, otaning qiyofasidagi soflikdan qalbi yayrayotganini sezdi. Ruhidagi karaxtlik tarqab ketgan, olam ko‘ziga bolalikdagiday jozibali ko‘rinar, dilida so‘nib qolgan chiroqlar parpirab yonib ketgan, istiqbolga ishonch, yaxshi ishlar qilish ishtiyoqi yana uyg‘ongan edi. O‘rmondagi tabiat ham tiriltira olmagan ichki kuchlarni shu tabiat bilan hamkor bo‘lgan Salim otaning ma’naviyati tiriltirib yuborgan edi.
— Salim ota, hech kimga aytmagan sirlarimni men sizga aytdim. Endi hech kimga ishonib topshira olmaydigan istiqbolimni ham sizning panohingizga olib kelmoqchimen. Jodha Bayning uch oylik homilasi bor. Uni ham farzand o‘rnida ko‘rsangiz. Bugun mening o‘lik hislarimni qayta tiriltirgan tabiat-u ma’naviyat shoyad undagi hayotiy kuchlarni yuzaga chiqarsa. Biz orzu qilgan zurriyod zora sizning qano¬tingiz ostida dunyoga kelsa!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:08:02
Akbar xotinini Salim otaning kulbasi yoniga ko‘chirtirib kelmoqchi ekanini sezgan mo‘ysafid podshoh-u malika bilan birga qancha sipohi, qancha kaniz-u xizmatkor bu yerlarga kelishini, ular bilan muomala qilish qanchalik qiyin bo‘lishini ko‘z oldiga keltirdi. O‘zi podsho bo‘lganda saroyda yashab ko‘rgan va uning murakkab muhitidan yurak oldirib qo‘ygan Salim ota Akbarning niyatidan astoydil tashvishga tushdi:
— Hazratim, malikalarga yuzlab odamlar xizmat qilurlar. Ularga keng joy zarur. Bundan o‘n mil na¬rida— Sekri tog‘i etagida Bobur bobongiz qurdirgan ko‘shk bor. Kattakon Bog‘i Fathga barcha xizmat¬-kor-u soqchilar ham joy bo‘lurlar.
— Agar siz ham Bog‘i Fathga borib tursangiz, mayli, Jodha Bayni o‘sha yerda panohingizga topshirgaymen.
— Lekin meni... ma’zur tuting. Shohlar ko‘shkiga qaytib qadam bosmaslikka ahd qilganmen. Qariga¬nimda bu ahdimni buzolmagaymen.
— Ammo shohlar ham odam-ku, Salim ota Shohlarga ko‘z tikkan balolar qanchalik ko‘pligini boshqalar bilmasa ham siz bilursiz.
— Balogardon — xalqdir. Men buni onangizga aytgan edim.
— Lekin shoh bilan xalqning orasini to‘sib turgan g‘ovlar qanchalik ko‘p! Men hali bu g‘ovlardan oshib o‘tolgan emasmen... Faqat siz taqdir taqozosi bilan ota-onam orqali dilimga yaqin bo‘lib qoldingiz. O‘zingiz ham podsho bo‘lib ko‘rgan ekansiz. Bu qanday bir serozor, tikanlarga to‘lgan ish ekanini bilursiz. Bugun mening dilimga qadalib turgan qancha tikanni siz olib tashladingiz. Salim ota, ishoning, men o‘zim uchun sizdan beg‘arazroq balogardon topolganim yo‘q! Shuning uchun Jodha Bayni ham qanotingiz ostiga olib kelmoqchimen. Ruxsat bering, shu uychan¬giz yoniga ikkovimiz uchun chodir tikdiray. Balki hazrat onamlar ham birga kelurlar. Soqchilar, xizmatkorlar o‘rmon ichida, sizning ko‘zingizga tashlanmaydigan uzoqlikda tururlar. Sizdagi osudalig-u musaffolik biz uchun noyob bir shifo. Bu soflig-u sokinlikni men ko‘z qorachig‘iday asragaymen!
Hamida begim ham o‘g‘li va kelini bilan bu yerlarga kelishi mumkinligi Salim otaga yoqimli tuyuldi. Hamidaning diydoriga yoshligida to‘ymay qolgan Nizom endi keksayib Salim ota bo‘lganda bu tengsiz ayol bilan ma’naviy muloqotda bo‘lishni juda istardi. Shu hammasi sabab bo‘lib, u Akbarning taklifiga rozilik berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:08:25
* * *

Ertalab  oftob chiqqanda Salim otaning kulbasidan tushgan uzun soyalar kunbotish tomondagi kimxob chodirga tushdi. Tong payti uyqudan qushday yengil bo‘lib turgan Akbar va Jodha Bay ko‘lning tiniq suvida yuvinib, o‘z chodirlariga qaytmoqda edilar. Akbar chodirga tushgan uycha soyasini Jodha Bayga ko‘rsatib:
— Biz uchun bu — baxt qushining soyasidir! — dedi.
Akbar bilan ilk nikoh kechasini ham Sanganirdagi chodirda kechirgan Jodha Bay:
— Salim ota chindan rishi* ekanlar! — deb shivirladi.
U haramning asabiy muhitida uyqusizlikdan qiynalib, rangi o‘chib yurardi. Bir haftadan beri shu chodirda Akbar bilan turib, qoracha yuziga yana qon yugurdi, olovli jozibasi qayta tiklanib, ko‘zlarida yulduzlar chaqnay boshladi. Akbar ham uning yonida barcha g‘am-tashvishlarini unutib, o‘zini tabiat bag‘ri¬da yayrab yurgan kiyikday xotirjam va erkin sezadi. Faqat gohida Jodha Bay bu mas’ud kunlarini omonat sezib, qahri yomon Shivadan va uning falokat yuboruvchi xotini Durgadan qo‘rqa boshladi. O‘r¬monda ibodat¬xona yo‘q, Jodha Bay homilani asrovchi ma’budalar — Lakshmi va Shakti*ning kumush haykalchalarini chodir burchagiga qo‘yib ularga erta-kech sig‘inib turadi. Salim ota chodirga kelganda haykalchalarni ko‘radi-yu, Kabir to‘g‘risida so‘z ochadi:
— Hindlar ibodatxonaga borurlar, musulmonlar masjidga. Kabir esa ular ruhan birlashgan joyni izlaydir. — Salim ota Jodha Bay bilan Akbarni oldiga o‘tkazib, Kabirning hindcha she’rlaridan o‘qiy boshladi. Jonli xalq tilida aytilgan olovli she’rlarning har bir bayti Jodha Bayning qalbiga zavq, quvonch, kuch-qudrat olib kirganday bo‘ldi: — Qarang, Kabir ayta¬dirki, imon-u ixlos — faqat odamning dilida yashasa¬gina atrofini obod qilgay. Muttasil yomg‘ir yoqqan bilan ibodatxonaning tosh haykalida yoki masjidning g‘isht devorida biron narsa unib-o‘sgaymi? Shuning uchun Kabir inson dilini o‘ziga sajdagoh qilmishdir. «Ey, odam! — dedi Kabir. — Muhabbat bilan shafqatni, neklik bilan baxtni mullodan yoki brahmandan tilab ovora bo‘lma, ularni senga chetdan hech kim tayyor holda berolmagay. Muhabbat ham, shafqat ham, neklik bilan baxt ham faqat o‘z qalbing ishtiro¬kida, o‘z fazilatlaring-u mehnatlaring tufayli yuzaga kelgay!»
Jodha Bay Salim otani dunyoning barcha sir-u asroridan xabardor kishi deb ishongani uchun ham, uning aytgan gaplaridan behad qattiq ta’sirlanar va ilgarigi qo‘rquvlaridan qutulib, o‘ziga ishonchi ortib borardi. Ayniqsa, ota yod biladigan Kabir she’rlarida hindmuslim yakdilligi ulug‘langan sari Jodha Bayning dili yayrab, ko‘ngli ko‘tarilardi.
— Sizlarga Kabirning ulug‘ ruhi madad bergay! Chunki ikkovlaring ikki xalqdan chiqqan yakdil oila bo‘lib, Kabirning orzusini ham amalga oshirmoqda¬siz¬lar!
Kechasi chodirda Akbar Jodha Bayni quchib, erkalatar ekan:
— Chindan ham, biz — bir tandagi ikki jonmiz! — dedi.
Jodha Bay esa qalbi tagida o‘sayotgan farzandini ikki dilning qo‘shilishidan paydo bo‘lgan uchinchi bir jondek his qilardi.

______________
* R i sh i — hindcha «avliyo» demakdir.
* L a k sh m i — Osmon ma’budi Vishnuning xotini. Sh a k t i — Shivaning xotini.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:09:30
* * *

O‘rmon ichida Akbarning qaynisi Man Sinx boshchilik qilayotgan qo‘riqchi askarlar, mulozim va xizmatkorlar chodirdagi akbarlarning tinchini buzmaslikka intilishar, iloji boricha ko‘zga tashlanmay yurishardi. Xizmatkorlar ovqat va boshqa zarur narsalarni kunduz sekin olib kelib berishar, barcha xizmatlarni osoyishta va shovqinsiz qilishardi.
Akbar har kuni ertalab nonushtadan so‘ng o‘rmon ichidagi xirgohga borib, choparlarni qabul qilar, kechik¬tirib bo‘lmaydigan davlat ishlari bo‘yicha farmoyishlar berardi. Beklar va a’yonlara esa Sekridagi Bog‘i Fathga kelishar, Akbar o‘n mil yo‘lni otliq bosib o‘tib, shu bog‘dagi ko‘shkda qabul marosimlari va mashvaratlar o‘tkazar, goho o‘sha yerda yotib ham qolardi. Akbar yo‘q paytda Jodha Bayning chodiriga Hamida begim kelib turardi.
Begim qirq to‘rt yoshga kirib, sochlarida oqi ko‘payib qolgan bo‘lsa ham gavdasi hamon xipcha, yuz-ko‘zidan joziba ketmagan. Dehlida Humoyun maqbarasi oldida ko‘rishganlarida o‘zini pirlarday vazmin tutgan Salim ota endi mana bu o‘rmonda yashnab turgan tabiat bag‘rida begimni xoli ko‘rdi-yu, yuragi hayajondan gursillab ura boshladi.
U Nizom bo‘lib yurgan yigit paytidagi qudratli tuyg‘ular Salim ota uchun yer tagida yashirinib yotgan zilziladay xatarli tuyulardi. Agar bu zilzila uyg‘onsa, Salim otaning og‘ir xastaliklardan so‘ng nurab turgan tanasi yer osti larzalariga bardosh berolmay to‘kilib tushishi hech gap emas.
Salim ota Hamida begimni o‘zining to‘porigina kampiri bilan tanishtirdi-da:
— Taqdirimiz shu ekan! — deb og‘ir tin oldi.
Hamida begim Salim otani Dehlida Humoyun maqbarasi oldida o‘ziga ma’naviy padar deb bilib, qo‘l bergani uchun bu yerda ham unga:
— Salim ota, — deb murojaat qildi, — kelinimiz sizning panohingizda gulday ochilib ketibdir. Ko‘rib sizga ixlosim ortdi. Dehlida maqbara qurilishi bitsa men ham Sekriga ko‘chib kelish orzusidamen.
— Maqbarani o‘n yildan beri qurmoqdasiz, hali ham bitmadimi?
— Toshga gul solib sayqal berish tez bo‘lmas ekan. Og‘ir yumushlar bitgan. Borsangiz ko‘rursiz, maqbara benihoya ulkan bo‘ldi. Sahnini uch oshiyonlik uy barobarida baland ko‘tardik. Gumbazi Akbarjon chizgan tarh asosida yetti oshiyonlilk binoday yuksak bo‘ldi. Dehli tarixida haligacha bunday ulug‘ obida qurilmagan ekan. Shuning uchun o‘n yilda ham bitirolmadik.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:09:43
Hamida begim hali ham Humoyunning xotirasi bilan band ekanini sezgan Salim ota o‘zini bosib dedi:
— Begim, umringiz uzoq bo‘lg‘usidir, Akbardek farzand o‘stirish kamdan kam onaga nasib bo‘ladigan toledir.
— Akbar uchun tangriga doim shukur qilib yashamoqdamen. Ammo balandda turgan odamga shamol-u bo‘ronlar shiddati qattiqroq tegarkan. Qancha qadrdonlarimizni bu bo‘ronlar narigi dunyoga uchirib ketdi.
— Aytmochi, bizga xiyonatlar qilgan Afzalbek tutilgani rostmi?
— Akbarjon aytmadilarmi? U badbaxtga qasos ancha kech qaytdi. Tili kesilib, vujudi parcha-parcha qilindi.
— Afzalbekni uzun kosov qilib ishlatib, o‘zi panada turgan shayx Ansoriy hali ham saroyda shayxulislommi?
— Saroyda yomonlar ko‘pligi rost. Akbarjon ham ulardan bezor bo‘lgan. Lekin... o‘sha shayxulislom¬ning o‘rnini oladigan yaxshi ruhoniylar qani? Siz saroyga shayxulislom bo‘lib borgaymisiz?
Salim ota bosh chayqadi:
— Bu taklifni menga Akbarshoh ham aytdilar, lekin men uzr so‘radim. Shayxulislomlik nedir? Diniy hokimiyat. Sadrlar suduri ham o‘zicha bir hokim. Bular odamlarni o‘limga hukm qilish, zindonga solish huquqiga ega bo‘lgan din peshvolaridir. Holbuki, boylig-u martaba eshikdan kirsa, imon-u e’tiqod tuynukdan chiqib ketgay. Shuning uchun ruhoniylarga hokimiyat ham, boylig-u martaba ham berilmasligi kerak. Davlat hokimiyati bo‘lsa bas — shuning o‘zi ham el-ulusga og‘ir yuk. Yana buning ustiga diniy istibdodning yukini ko‘tarish xalqni ezib yubormoqda. Men Akbarshohga maslahat berdimki, ilojini topsangiz, diniy hokimiyatni yo‘qoting!
Hamida begim bu gapdan qo‘rqib ketdi:
— Salim ota, ruhoniylar g‘ulu ko‘tarib, Akbarjonni ham dahriylikda ayblamasinlar, tag‘in! Siz unga bunday maslahatlarni bera ko‘rmang!
— Berganimda ham Akbaringiz bu maslahatni olgani yo‘q. Uning xayoli hozir boshqa narsalar bilan band.
— Ha, Akbarjon o‘g‘il kutmoqda. Jodha Bayga sizning dargohingiz juda xush yoqqanini katta kelinim Salima begim ham eshitibdir. Yana bitta chodir tikdirib, Salimani ham olib kelsakmikin?
 — Mening bir andisham bor, begim. Kundoshlik azobini bilursiz. Jodha Bayning ko‘zi yoriguncha bu azobni unga yaqin keltirmaganimiz ma’qul.
Hamida begim Salim otaning bu andishasini o‘rinli topdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:10:38
*  *  *

Akbar Salim otaga e’tiqod qo‘ygandan beri uning Salima begimga munosabati ham avvalgidan iliqroq bo‘lib qolgan edi. Bolasi turmay, farzand dog‘ida kuyib yurgan bu juvon oldida Akbar o‘zini qarzdor sezardi. Shuning uchun u Salimani Jodha Baydan o‘n mil naridagi Bog‘i Fathga ko‘chirtirib keldi.
Jodha Bayning oy-kuni yaqinlashganda Akbar irim qilib uning oldiga bormay qo‘ydi. U goho ovga chiqib, o‘rmonda chodir tikdirib tunardi.
Sunbula oyi kirganda Akbar Gvalior tomonlarga ovga ketdi. Momaqaldiroq gumburlab turgan yomg‘ir kechasi Jodha Bay o‘g‘il tuqqan edi. Buning xabarini oti sag‘risigacha loyga botgan, lekin o‘zi quvnoq kulimsiragan Ahmad Buxoriy olib keldi. Akbar suyun¬chi uchun Ahmad Buxoriyga qimmatbaho durlar qadalgan to‘nini yechib berdi. Ovchilar o‘rmonda surnay va naqora chalib, yarim tungacha xursandchilik qildilar. Akbar yaxshi niyat bilan besh yuz ming rupiy turadigan noyob bir gavhar sirg‘a olgan va uni kissa¬siga solib yurar edi. Ertasi kuni ertalab bu sirg‘ani Ahmad Buxoriyga berdi:
— Rani Jodha Bayga buni mendan sovg‘a qilib el¬ting. Salim ota... in’om olmagaylar... Borib ayting, agar ota rozi bo‘lsalar, o‘g‘limizning otini shu kishi¬ning hurmatlari uchun Salim qo‘ygaymiz.
Ahmad Buxoriy ustozi Salim ota uchun quvonib dedi:
— Olijanob yo‘l topdingiz, hazratim! Xalq orasidan chiqqan zahmatkashning ismini shahzodaga qo‘¬yish— tarixda qoladigan bir voqeadir.
Akbarning o‘zi ota-bobolar udumiga binoan chaqaloqning qirqi chiqmaguncha uning oldiga bormadi. Lekin u o‘z o‘g‘liga Salim otaning nomini qo‘y¬ganligi el-ulus orasida shunday shuhrat qozondiki, ota tez kunda mamlakatning eng mo’tabar mo‘ysafidiga aylandi. Uni bir ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar ko‘payib ketdi.
Chaqaloq uch oylik bo‘lguncha Akbar uni Salim otaning uychasi yonidagi bahavo joyda saqladi. Man Sinx boshliq ko‘riqchilar begona odamni bu tomonlarga o‘tkazmay turdi. Lekin Jodha Bay bolasi bilan Agraga qaytib ketgandan so‘ng soqchilar ham ketdi-yu, Salim otaning uyiga ziyoratga keluvchilarning keti uzilmay qoldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:10:53
Rivoyat va afsonalar qon-qoniga singib ketgan odamlar Salim otaning Xo‘jai Xizrligiga ishonib, uning etagini ko‘zlariga surishar, farzandsizlar undan farzand tilar, kasalmandlar — shifo, baxtsizlar baxt so‘rar edi.
— Shifoni ham, baxtni ham sizlarga tangrim bersin! — derdi Salim ota. — Men ham sizlarga o‘xshagan osiy bandamen, Xizr emasmen!
Lekin bu gaplarni kamtarlik hisoblab, ba’zilar uning oyog‘i tagiga o‘zini tashlashar, ba’zi badavlat odamlar hamyon to‘la pul yoki qimmatbaho gilamlarni nazr-niyoz qilishar, Salim ota:
— Olmaymen! — deganiga qaramay, eshigining og‘ziga qimmatbaho narsalarni tashlab ketishar edi.
Osuda va kambag‘alona hayotga o‘rgangan Salim ota buning hammasidan qattiq hayajonga tushardi. Selday yopirilib kelayotgan ziyoratchilardan o‘zini qanday himoya qilishini bilmay yuragi gursillab urar, majruh tanasi shuhratning og‘ir yukiga bardosh berolmay zirqirab og‘rir, kechalari uyqusi o‘chib ketar, kunduzlari ishtahasi o‘lib, durust ovqat ham yemasdi.
Hut kirganda Akbar uni ko‘rgani keldi-yu, Salima begimning ham bo‘yida bo‘lganini, agar ota rozilik bersalar, uning kulbasiga ko‘chib kelmoqchi ekanini aytdi.
— Qaytaga, sizning qo‘riqchilaringiz bor paytda tinchroq edim, — dedi Salim ota. — Har xil boy-u savdogarlar nazr-niyoz ko‘tarib uyimga bostirib kelolmas edi. Nasibam shu ekan, endi men sizning himoyangizga muhtojmen, begimni olib kelavering.
Bu gal Akbar Salim otaning kulbasi yoniga uchta chodir tikdirdi. Ulardan birida Salima begim doya kampiri bilan, birida Akbar, birida Hamida begim kanizi bilan yashay boshladi.
Ota Salima begim bilan she’rxonlik qilishni yaxshi ko‘rardi. Ular goh Jaloliddin Rumiy masnaviylaridan, goh Hofiz va Navoiy g‘azallaridan navbatma-navbat yod aytishib, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolishar edi.
Issiq oylar, chang ko‘tarib esuvchi shamollar o‘tib, yomg‘ir fasli boshlangan javzo oyida Salima begim ham o‘g‘il tug‘di. Shu kunni sakkiz yildan beri zoriqib kutgan juvon sog‘lom va miqti chaqalog‘ini birinchi marta bag‘riga olib emizar ekan:
— Shukur, endi murodimga yetdim, — deb shivirladi. — Otini Murod qo‘ysinlar!
Akbar bu gal ham ota-bobolar udumiga rioya qilib, chaqaloq qirq kunlik bo‘lguncha ikkinchi o‘g‘ilning otini Murod qo‘yishga rozi ekanini ayttirib yubordi. Xushxabar olib borgan Qilichxon Andijoniy suyunchisiga bosh-oyoq sarupo oldi. Akbar undan Salima begimga gavhar uzuk sovg‘a berib yubordi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:11:17
*  *  *

Akbar uchun Sekrining jozibasi tobora ortib borardi. Sekri tog‘ining sarin shabadasi, moviy ko‘lining salqini, Bog‘i Fathdan qaynab chiqib turgan buloq¬ning zilol suvi va bir emas ikki o‘g‘li tug‘ilgan joylar uni o‘ziga ohanraboday tortardi. Endi Agrada ko‘p turgisi kelmas, iloj bo‘ldi deguncha, Sekriga yo‘l olardi. Choparlar, mulozimlar, bek-u a’yonlar Agra bilan Sekri orasida mokiday qatnashardi. Axiri bir kun Akbar eng nufuzli amirlarni Sekrining Bog‘i Fathiga mashvaratga yig‘di-yu:
— Poytaxtni Agradan Sekriga ko‘chirgaymiz! — dedi. — Bugundan boshlab oliy mahkamalar Sekrida bo‘lgay.
Bu kutilmagan qarordan ba’zi amaldorlar sarosimaga tushdilar:
— Hazratim, boshqa mahkamalarga bino yetishmagay, avval yangi poytaxtni qurib, undan so‘ng ko‘chib kelgan ma’qul emasmikin? — dedi Todar Mal.
— Bino yetishmagan mahkamalar uchun chodirlar tikilsin! — dedi Akbar. — Bizning oilamiz, bolalari¬miz chodirda yashaganda nechun amaldorlar yashay olmagay? Devoniom ham chodir shaklida tiklansin. Kerak bo‘lsa, ikki oshiyonlik chodirlar yasaydigan usta¬larimiz bor. O‘shalarga buyurtmalar berilsin. Al¬bat¬ta, umrbod chodirda qolib ketmagaymiz, darhol yangi poytaxtning qurilishini boshlagaymiz. Uning umumiy rejasi qog‘ozga tushgan, me’morlarga tarhlar chizish buyurilgan. Janob Chig‘atoyxon Toshkandiy, siz o‘z odamlaringiz bilan bo‘lajak poytaxt atrofiga toshdan devor ko‘tartirgaysiz.
Chig‘atoyxon o‘rnidan turib:
— Bosh ustiga! — deya bu farmonni qabul qildi.
— Janob Bhagvan Das, siz davlat mahkamalari uchun uch oshiyonlik bino qurishga mutasaddi bo‘lursiz!
Bhagvan Das ham bu topshiriqni ta’zim bilan qabul qildi. Man Sinx o‘z singlisi Jodha Bay va uning o‘g‘li Salim turadigan ko‘shkni qurib berish majburi¬ya¬tini oldi. Qilichxon Andijoniy podshoning devoniomi va xonayi xoslari joylashadigan qasr qurilishiga javobgar qilib tayinlandi.
Shu tarzda Akbar yangi poytaxt qurilishi uchun barcha amirlari va yaqin odamlarini safarbar qildi. O‘zi esa bosh me’mor bo‘lib, qaysi binoning qayerga tushishi va qanday shaklda qurilishini belgilab bera boshladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:12:03
Dehlida mirzo Humoyun maqbarasi qurib bitirilgan, undan bo‘shagan minglab odamlar-u aravalar, yuk tashuvchi fillar va tuyalar Sekridagi qurilishga olib kelindi. Agra qal’asining qurilishi undan oldinroq tugagan edi. U yerda ishlab tajriba orttirgan hunarpeshalar ham endi Sekriga kelib ishlay boshladi.
Barcha binolarning devorlari qizil toshdan qilinmoqda edi. Bu toshni uzoqdagi tog‘lardan tashib keltiradigan maxsus sangfurushlar bor edi. Ular har bir toshning bo‘yi va enini o‘lchab, goho vaznini katta tarozilarga qo‘yib tortib sotishardi. Yangi poytaxtni qurishga o‘n minglab odam jalb etilgan, hammasining toshga ishi tushardi. Shuning uchun Sekrida kattakon tosh bozori paydo bo‘ldi.
Tosh ortilgan aravalarning shaqir-shuquri Salim ota turgan joylarga ham eshitila boshladi. Murodning chillasi chiqqandan keyin Akbar uni ko‘rishga keldi. Salima begimni quchib tabrikladi-da, yo‘rgakdagi bolani qo‘liga olib, oqish yuziga va tilladay tovlangan sochlariga qaradi:
— Bobolariga tortibdir! Umri uzoq bo‘lsin! Begim, tilagingiz nedir? Buyuring!
— Tilagim — Sekridan ketmaslik. Bu yerlar juda xosiyatli ekan. Jannatmakon Bobur bobomiz bu yerlarni yoqtirib, Bog‘i Fathni barpo etgani bejiz emas ekan.
— Shuning uchun yangi poytaxtda Fathobod deb nom qo‘ymoqchimen, — dedi Akbar.
— Ulug‘ bobomizning ruhini shod etadigan xayrli ish! Barcha niyatlaringizga yeting, hazratim! Faqat... yangi poytaxtingizda men bilan Murod uchun alohida bir go‘sha topilgaymikin?
Salima begim endi haramda, kundoshlari orasida turishni istamas edi. Buni sezgan Akbar:
— Siz bilan Murod uchun ikki oshiyonlik alohida ko‘shk qurdirmoqdamen! — dedi. — Hovlisida chorchamanlari, salqin favvoralari bo‘lgay.
— Minnatdorman, hazratim! Biz bu mas’ud kunlarga Salim otaning sharofati bilan yetishdik. Lekin hozir otaning darmoni ketib, eski xastaliklari qo‘zg‘ab yuribdir...
Akbar Salim otadan xabar olish uchun uning uychasiga kirdi. To‘rda oq po‘stak ustida yonboshlab yotgan Salim ota o‘rnidan majolsiz ko‘tarildi. Akbar uni turgani qo‘ymay, cho‘k tushdi-yu, otaning egnidagi oq hirqaning etagini ko‘ziga surib o‘pdi:
— Sizga ne bo‘ldi, Salim ota?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:12:19
— Meni muncha tavof qilmang, shoh o‘g‘lim! Kamina ham ojiz insonmen...
Akbar uning gapiga tushunolmay yuziga hayron bo‘lib tikildi. Salim ota so‘nggi paytlarda boshdan kechirgan ichki tuyg‘ularini unga qanday aytishni bilmay jim turib qoldi.
Murod tug‘ilgandan keyin Salim otaning el orasidagi shuhrati yana bir necha daraja oshgan edi. Hatto: «Akbarshoh Salim otaning hurmati uchun poytaxtni Agradan Sekriga ko‘chirgan emish!» degan ovozalar tarqaldi. «Salim ota Xo‘jai Xizr ekan» degan gapga ishonadiganlar ko‘payib ketdi. Minglab ixlosmandlar Xo‘jai Xizrni uchratib, eng katta orzularini uning o‘tkir nafasi bilan darhol amalga oshirishni istar edilar. Biroq Akbar qo‘ygan soqchilar ziyoratga kela¬yotgan izdihomni otaning uyi tomonga o‘tkazmay qo‘ydilar. Otaning hassaga suyanib so‘qmoqlardan piyoda yurishini biladigan ixlosmandlari uning yo‘lini poylay boshladi. Salim ota o‘rmon yo‘lidan o‘tib qolsa, uning oyog‘iga bosh urib, ezgu tilaklarini aytishar, ba’zilari qo‘y, echki yoki boshqa jonlig‘ini unga atab so‘yishar edi. Salim ota:
— Meni Xo‘jayi Xizr deganlar adashgan, men ham sizlar kabi oddiy odammen! — desa ham qutulmas edi. Kunlar o‘tishi bilan Salim ota piyoda sayrga chiqolmaydigan bo‘lib qoldi.
— «O‘t balosidan, suv balosidan asrasin» der edilar, shuhrat balosidan ham qo‘rqqulik ekan. Bir necha kun podsho bo‘lganimda shon-shuhratdan mast bo‘lib, bir o‘limdan qolgan edim. Bu gal balki... qutulolmasmen.
— Unday demang, Salim ota! Men sizning nomi¬ngizga Sekrida bir madrasa qurdirmoqchimen. Hali siz uning talabalariga ma’naviyatdan saboq bermog‘ingiz darkor.
— Shoyad shunday bo‘lsa! Mening Abdulla Niyoziy, shayx Muborak degan maslakdoshlarim bor edi. Adolatli davlat tuzumini orzu qilib, Bianadagi xalq harakatiga ishtirok etganlari uchun Abdulla Ansoriy ularni o‘limga hukm qilgan. Ammo o‘sha xalq harakati Sherxonlar sulolasini ichdan yemirib, otangiz bilan sizning Hindistonga qaytishingizga yo‘l ochgan edi. Mening hayotimdagi... eng yorug‘ kunlar ham adolat uchun ko‘tarilgan o‘sha Bianadagi qo‘zg‘alonga qatnashgan paytim bo‘ldi... Bu xalq harakati hamon so‘ngan emas. Uning cho‘g‘lari eng yaxshi odamlar qalbida hali ham yaltirab turibdir. Abdulla Niyoziy, shayx Muborak, uning Fayziy degan to‘ng‘ich o‘g‘li, Abulfazil degan o‘rtanchisi — hammalari adolatli rahbarga g‘oyat tashna. Ular Sirhind, Gujarat tomonlarda Ansoriydan qochib yurgan emishlar... Agar mening kunim bitsa... o‘shalar sizga sodiq... balogardon bo‘lg‘ay!
Akbar Salim otaning kasali jiddiyligini sezib, saroy tabiblarini chaqirtirdi. Dori-darmonlar bilan otani ancha vaqt muolaja qildilar. Eski yaralarining o‘rinlari og‘rib, ota uzoq vaqt uyidan chiqolmay yotdi. Akbar bilan Hamida begim uni yana ko‘rishga kelganlarida:
— Endi... rozi bo‘linglar! — dedi.
Hamida begim uning qoqsuyak bo‘lib qolgan qo‘lini ko‘ziga surib, yig‘lab yubordi:
— Biz mingdan ming rozimiz... Bizdan o‘tgan bo‘lsa... kechiring!..
Akbarning ham o‘pkasi to‘lib gapirolmay qoldi. Bu qanday shafqatsiz taqdirki, kim unga katta yaxshiliklar qilsa uzoq yashay olmay, o‘lib ketadi. Otasi, Bayramxon, Mohim enaga... Mana endi Salim ota... Shohlik hokimiyati chindan ham ota aytganday bir ajdaho ekan-u Akbarga qalqon bo‘lgan eng yaxshi odamlar birin-ketin uning qurboniga aylanmoqdami? Balki endi navbat Akbarning o‘ziga yoki onasi Hamida begimga kelgandir?
Bu taxmin Akbarni seskantirib yubordi.
Salim ota ertasi kuni uzildi.
Uni Sekri tog‘ining ustiga — yangi qurilayotgan poytaxtning markaziga dafn etdilar. Otaning oq marmar maqbara ichidagi qabri — Fathoboddagi birinchi sag‘ana edi. Poklik timsoli bo‘lgan ma’naviy otasining qabrini Akbar dengiz tubidan olingan sof sadaflar bilan qoplattirdi.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:12:45
F A T H O B O D,  G U J A R A T
IKKI SUIQASD

Bundan qirq besh yil muqaddam Sekrining Bog‘i Fathida Bobur Xondamir bilan suv ichgan buloq hali ham yer ostidan toza qumlar bilan birga qaynab chiqib turibdi. Uning tiniq suvi balandga bo‘y cho‘zgan sanobar va ninb* daraxtlari orasidan shildirab oqmoqda.
Suiqasddan yarador bo‘lgan Akbarni kechki payt taxtiravonda shu boqqa ko‘tarib keldilar...
Bu hodisa kuppa-kunduz kuni Dehli ko‘chasida yuz berdi. Akbar otasining maqbarasini ziyorat qilib qaytayotgan edi. Yonida elliktacha otliq yigiti ham bor edi. Ziyoratga borganda u zirhli kiyim kiymas, egnida yengil oq so‘fi delagay* bor edi.
Katta ko‘chadan o‘tayotganlarida Akbar Mohim enaga qurdirgan qizlar madrasasining ikki oshiyonlik binosini tanidi-yu, otining jilovini tortdi. Marhuma¬ning xotirasi uchun shu yerda bir lahza to‘xtab o‘tgisi keldi. Madrasa tomonga endi yuzlangan paytda ikkinchi qavatning ayvonida keskin bir harakat sezildi. Yo‘g‘on ustun panasiga yashiringan barvasta odam yoy o‘qini Akbarning chap ko‘kragiga to‘g‘rilab otdi. O‘qni juda kuchli qo‘llar otgani shuvillab kelayotgan sharpasidan ham sezildi. Janglarda ko‘p yurib, bu sharpadagi ajal xatarini tez ilg‘ashga o‘rgangan Akbar darhol otning yoli ustiga egildi. Ammo panalashga ulgurmadi. Ko‘krakka mo‘l otilgan o‘q u egila¬yotganda chap yelkaga shunday qattiq sanchildiki, Akbar hushidan ketib, egardan yerga yiqilib tushdi. Yonidagi Jalolxon qo‘rchi otidan sakrab tushib, uni yelkasidan suyab turg‘iza boshladi. Sijoatxon degan soqchi o‘ntacha yigiti bilan o‘q otgan odamni tutib kelish uchun yugurib ketishdi. Ayvonda bir ko‘ringan soqol-mo‘ylovi o‘siq devsurat yigit qizlar saboq tinglab o‘ltirgan xonalarga kirib yashirinmoqchi bo‘ldi. Akbarning soqchilari qiy-chuv ko‘tarib yo‘lakka qochib chiqqan qizlar va otinoyilar orasidan:
— Po‘sht, po‘sht! — deb o‘tishib, o‘q otgan odamni quvib ketishdi.
Bu orada Akbar sal o‘ziga keldi-yu, yelkasiga sanchilib turgan o‘qning jizillatib og‘riyotganini, iliq qon badaniga sizib oqayotganini sezdi. Jalolxon:
— O‘q zaharlangan bo‘lishi mumkin! — dedi-yu, uni sug‘urib tashlamoqchi bo‘lib bir tortdi. Lekin o‘q yelka suyagi bilan et orasiga juda chuqur kirgan edi, bir tortganda chiqmadi. Akbar og‘riq zarbidan ihrab, rangi oqarib ketganini ko‘rgan Jalolxon o‘qni yana qattiqroq tortishga jur’at etolmadi. Shunda Akbarning o‘zi chap yelkasiga old tomondan sanchilib turgan o‘qni o‘ng qo‘li bilan shart sug‘urib olib tashladi. Ko‘zi yana tinib, qon qattiqroq oqa boshlaganini sezmadi.
Xurjunda doim qonni to‘xtatadigan dori, yarani bog‘laydigan toza mato va malham olib yuradigan Ra¬fiq mahram Jalolxonga yordamga yetib keldi. Ikkovlashib, Akbarning yarasini bog‘ladilar va qo‘lti¬g‘idan suyab, suv bo‘yiga, soya joyga olib o‘tdilar.
Qizlar madrasasiga kirib ketgan yigitlar o‘q otgan davangiday bahaybat odamni tutib, qo‘llarini bog‘lab sudrab chiqdilar. Uning ketidan ikkita navkar qo‘lidan tutib olib kelayotgan madrasa qorovuli:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:13:03
— Meni qo‘yvoring, bu Po‘lat vasvasni men kirgizganim yo‘q! — deb javradi. — Kasofati o‘ziga ursin! Ikkinchi oshiyonga yashiriqcha chiqqan! Men ko‘rsam uni madrasaga kirgizarmidim? Nomahram devona ayvonga osmondan tushganmi? Navzan billoh, be-xabarmen!
Ko‘zlari quturgan ho‘kizning ko‘zlariga o‘xshab qontalash bo‘lib turgan Po‘lat vasvas Akbarning tirik qolganini ko‘rib:
— Sendek dindan qaytgan dahriy podshoni o‘ldirish ham oz! — deb baqirdi. — Sen nuqul kofirlarga yon bosding, qancha mo‘min-musulmonni o‘l¬dir¬ding! Adhamxon, Aliqulixon, Bahodirxon me¬ning qadrdonlarim edi. Payg‘ambar avlodidan bo‘lgan qancha sayid-u xo‘jalarni quvg‘in qilding! O‘zingga o‘xshagan dahriy chol Salim Cheshtiga sig‘inding! Meni ham o‘ldirmoqchi bo‘lib yurganingni eshitdim. Osmondan vahiy keldi! Shuning uchun avval o‘zingni o‘ldirmoqchimen! Vodarig‘, dushmanim hamon tirik!
Jalolxon Po‘lat vasvasning kekirdagiga bir urib, ovozini o‘chirdi. Akbar Jalolxonga:
— Buni tirik saqlamoq kerak! — dedi. — Vazir Jamilga eltib topshiring. Ketida kimlar turganini aniqlasin.
Po‘lat vasvasning boshiga qop kiydirib, oyog‘ini ham bog‘lashdi, uni navkaralardan biri otiga o‘ngarib qal’aga olib ketdi. Akbarning yelkasidan boshlangan og‘riq butun badaniga tarqab, isitmasi ko‘tarila boshladi. Otini keltirganlarida uzangiga oyoq qo‘yolmay gandirakladi. Qo‘llarini qimirlatsa yelkasidagi og‘riq chidab bo‘lmas darajada zo‘rayib ketardi. Lekin yomon ovozalar ko‘paymasligi uchun u tishini-tishiga qo‘yib mulozimlari yordamida otga mindi-yu, ming azob bilan Puran qal’aga yetib bordi.
Bu yerda tabiblar og‘riqni bosadigan dorilar berib, uni davolashga tushdilar. Har uch-to‘rt soatda vazir Jamil kelib, Po‘lat vasvasning tergovi qanday borayotganini aytib turdi:
— Hazratim, bu devona kimlarning qutqusiga uchib shu ablahlikni qilganini aytib berolmadi. Gaplari poyma-poy. Kim ilkiga o‘q-yoy bergani ham esida yo‘q.
— Qani o‘sha o‘q-yoy? Qurolni taftish qildin¬gizmi?
Vazir Jamil Akbarga otilgan yoy o‘qini va kamonni keltirib ko‘rsatdi:
— Hayriyatki, yoy o‘qiga zahar surmagan ekanlar, buni tekshirib aniqladik, — dedi.
Akbar sog‘ qo‘li bilan kamonni aylantirib ko‘rdi. Uning ko‘zga tashlanadigan joylari kumush va sadaf bilan ziynatlangan, kamonning o‘zi eng qattiq irg‘ay yog‘ochidan qilingan edi.
— Irg‘ay Movarounnahr tog‘larida ko‘p o‘sgay, — dedi Akbar. — Kamonni turonlik ustalar yasagan bo‘lmasin?
Vazir Jamil kamonning ichki tomonida yog‘ochga o‘yib yozilgan bir yozuv ko‘rdi:
— Siz haqsiz, hazratim! «Amali usto olim Shoshiy» deb yozilmishdir. Ob-bo, ablahlar-ey! Jahonga mashhur kamoni shoshiyni Po‘lat vasvasning ilkiga kim tutqizgan ekan?
Jarohat og‘rig‘idan isitmasi ko‘tarila boshlagan Akbar vazir Jamilga shiddat qilib dedi:
— Buni siz aniqlamog‘ingiz kerak! Vasvas qayerlarda turgan, kimlar bilan uchrashgan?.. Boring, eng mohir taftishchilarni ishga soling!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:13:42
— Bosh ustiga, hazratim! — deb vazir Jamil orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Akbar sadaf va kumushlari nafis jilo berib tovlanayotgan kamoni shoshiyning qizg‘ish irg‘ay sopiga tikilganicha og‘ir o‘yga toldi.
Bobolar yurti Movarounnahrni u tushida ko‘rganmi yoki go‘dakligida Xonzoda begim uni Kobuldan Farg‘ona vodiysiga, Toshkent va Samarqandga olib borib kelganmidi — buni aniq bilmaydi. Lekin bobosining kitobida tasvirlangan O‘shning lolalari, Andijonning nashvatisi, Marg‘ilonning katta dona anorlari, Isfara bodomzorlari xuddi bolalikda ko‘rilgan unutilmas ajoyibotlardek xotirasida aniq gavdalanadi. Akbar Samarqand-u Toshkentlarni sog‘inganday yuragi o‘sha tomonlarga qarab talpingan paytlar bo‘ladi.
Hindiston bilan Turon orasida qatnab turgan savdo karvonlari Movarounnahrning shirin-shakar mevalaridan keltirib turadi. Akbar Agrada yashab Farg‘ona¬ning shirin qovunlaridan, Samarqandning naqsh olma¬la¬ridan yeb ko‘rgan, ularning tengsiz mazalaridan ko‘p huzur qilgan.
Mana hozir esa bobo yurtida yasalgan kamoni shoshiyning achchiq jarohatidan azob tortmoqda. Zeb bergan kamoni yovuz odamlarning qo‘liga tushishini usta Olim Shoshiy qayoqdan bilsin? Nahotki shayboniyzodalar Turonda turib, Agradagi Akbarga o‘q otgan bo‘lsalar?
Hozir Buxoro taxtida shaybon urug‘ining eng baquv¬vat vakili Abdullaxon o‘ltiribdi. U Akbar bilan murosa yo‘lini tutib, ikki qayta elchilar, maktublar va qimmatbaho sovg‘alar yubordi. Abdullaxon so‘nggi maktubida Eron shohi Tahmaspning vafot etganligi, safaviylar orasida ichki kurash va parokandalik boshlanganini yozgan, ularga qarshi ittifoq tuzishni va Eronni birgalikda fath etib, shialar davlatini yo‘qotishni taklif qilgan edi. Akbar otasiga yaxshiliklar qilgan safaviylar bilan urushishni istamas, shia-sunniy ado¬vatini yomon ko‘rardi, shuning uchun Abdul¬laxonga yozgan javob maktubida hozir Hindistonning ichki ishlari va Kobul-u Badaxshon chegaralarini mustah¬kamlash bilan band ekanini, Eron favthiga xohishi yo‘qligini ma’lum qilgan edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:13:57
Abdullaxonga shu kerak edi — u o‘zining eng nufuzli qo‘shnisi bo‘lgan Akbarning oldidan bir o‘tib qo‘ygandan keyin, o‘g‘li Abdumo‘minni yoniga olib, Xurosonga yurish qildi, Hirot, Astrobod, hatto Mashhadni ham safaviylardan tortib olib, o‘z davlatining bir qismiga aylantirdi. Abdullaxon davlati shu tarzda kengayib boraversa, bir kun emas bir kun Kobul-u Badaxshonga tajovuz qi¬lishi ham mumkin. Ammo Akbar — unnig janubga keladigan yo‘llarini bekitib turgan kuchli bir to‘siq. Shay¬boniyzodaldar bu to‘siqni Po‘lat vasvasning qo‘li bilan qulatib o‘tishga uringan bo‘lsalar ajab emas...
Akbarning o‘yi shu joyga yetganda vazir Jamil lattaga o‘rog‘liq uzun bir narsani tergovchiga ko‘tartirib kirib keldi.
— Hazratim, Po‘lat vasvas Mohim enaga mad¬rasasi yaqinida egasi ko‘chib ketgan, tashlandiq bir xaroba uyda turar ekan. Uyning omborxonasiga eski lash-lushlar orasiga mana shu farangi to‘fang bekitib qo‘yilgan ekan. O‘qlari alohida joyda turibdir. Vasvasning kasali qo‘zigandan keyin bularni topolmaganmi... Hayriyatki... to‘fangni ishlatmabdir...
Akbar to‘ng‘iz o‘qi solib otiladigan quvuri yo‘g‘on farangi to‘fangni ko‘rib beixtiyor eti junjikdi. To‘fangning yonida charm xaltachaga solingan kartech o‘qlar ham bor edi. Po‘lat vasvas bu to‘fangdan o‘q otsa Akbar tirik qolishi gumon edi...
— Vasvas to‘fang otishni o‘rgangan ekanmi? — so‘radi Akbar.
— Ha, Adhamxonga navkar bo‘lganda o‘rgangan ekan.
— To‘fangni unga kim berganini aytdimi?
— Bir keksa farangining nomini aytdi. Alvarmi... Pakvarmi... Qo‘shnilaridan surishtirsak, Goa orolida turadigan savdogar farangi Po‘lat vasvasning oldiga bir-ikki marta kelib ketgan ekan.
Humoyun tirik paytida Alvaro Pakavira degan farangi Goadan to‘fang ko‘tarib kelganini, keyin Sherxon tomonga o‘tib, uning fitnalariga qatnashganini o‘g‘liga aytib bergan edi. Akbar buni yoshlik xotirasining kuchi bilan darhol esladi-yu:
— Farangini qidirtiring, — deb buyurdi vazir Jamilga. — Kalavaning uchi balki o‘shaning ilkidadir!
Vazir Jamil shu ketganicha Dehli karvonsaroylarini qidirtirib, bironta farangini topolmadi. Farangilar bilan savdo sotiq qiladigan do‘kondorlar Pakavira degan keksa savdogar bundan bir oy oldin Goaga qaytib ketganini aytdilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:14:14
Endi Akbarning xayoli Gujarat va uning janubiy qirg‘oqlarini egallab olgan farangilarga ketdi. Ular Akbar tuzayotgan kuchli davlatdan manfaatdor emas. Hindistonni parcha-parcha qilib, uning bir viloyatini boshqasi bilan urushtirib, hammasini zaiflashtirib, so‘ng mamlakatga o‘zlari xo‘jayin bo‘lishni ko‘pdan beri orzu qilishadi. Gujaratdagi Muzaffarshohni Akbarga qarshi gij-gijlab yurganlar ham mana shu farangilar. Ular Goa orolini bosib olganlariga oltmish yil bo‘lganini, shundan beri butun Hindistonni o‘zla¬riniki qilish niyatida ekanini Akbar biladi. U ikki yildan beri Gujarat yurishiga tayyorgarlik ko‘rar ekan, Muzaffarshohni yenggandan so‘ng Goadagi istilochilarni ham dengiz ortiga quvib yubormoqchi ekanini mashvaratlarda bek-u a’yonlariga aytgan. Ehtimol, shu a’yonlardan qaysi biri uning bu niyatini farangilarning quloqlariga yetkazgandir. Dehli-yu Agrada ularning xufiyalari ham yurganini mana bu to‘fang ko‘rsatib turibdi. Ular Akbarning Gujarat va Goa oroliga yu¬rish boshlashini kutib o‘ltirmasdan, uni Po‘lat vasvasning qo‘li bilan oldinroq mahv qilishga intilgan bo‘lsalar kerak.
— Farangilar Po‘lat vasvas bilan qanday til topishgan? — so‘radi Akbar vazir Jamildan. — Orada turgan vositachilarni topmoq kerak!
— Vasvasdan shuni so‘rasak, Adhamxonni aytdi. Holbuki, Adhamxonning o‘lganiga o‘n yil bo‘ldi.
— O‘q-yoyni kim berganini aytmadimi?
— Osmondan tangri yuborgan emish! Lekin vasvas bir vaqtlar Sharafiddin mirzoning xizmatida bo‘lganini aytdi.
Akbarning xayoli yana Gujarat tomonga ketdi. Chunki Sharafiddin mirzo Sambhal viloyatida hokim bo‘lganda ko‘p zolimliklar qilgani uchun Akbar uni lavozimidan mahrum qilgan edi. Ota urug‘i mashhur Xo‘ja Ahror avlodidan tarqagan, ona tomondan sa¬marqandlik temuriyzoda Sulton Mahmudga chatishgan. Sharafiddin Mirzo Akbardan arazlab Gujarat tomonlarga ketib qolgan. Akbarning yangicha siyo¬satidan norozi bo‘lgan boshqa mirzolar — Husayn Boyqaro avlodlari ham Gujarat tojdori Muzaffarshoh tomoniga o‘tib ketgan. Ular o‘sha yoqlarda Akbarga qarshi ig‘volar qilib yurganlarini xufiyalar aytib kelgan edi. Balki endi ular Akbarning Dehlidagi yashirin dushmanlari bilan til biriktirgandir? So‘ng o‘zlarini panaga olib, Po‘lat vasvasni ishga solgandirlar? Akbar shu taxminni aytgandan keyin vazir Jamil Po‘lat vasvasni biladigan odamlarni izlab topib, unga yuzlashtirdi. Lekin esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan Po‘lat vasvas tanishlarining qaysisi bilan qayerda uchrashganini xotirlay olmas, uni jinoyatga olib kelgan zanjirning ko‘p halqalari yodidan tushib qolgan edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:14:29
— «Podsho sizni o‘ldirtirgay» degan gapni kimdan eshitdingiz? — degan savolga:
— Osmondan vahiy keldi, — deb javob berardi.
Po‘lat vasvas Ubaydulla mahdum degan mullaning xizmatida ham bo‘lgan, bu odam uning kasalini da¬volashga uringan edi. Tergovchi shuni aniqlagach, vasvasga Ubaydulla mahdum haqida savol bera boshladi:
— Hazratimni «dahriy» deb ayblagan odam Ubaydulla mahdummidi?
— Yo‘q, undan kattarog‘i.
— Shayx Ansoriymi?
— Men uni bilmaymen. Tangrining o‘zi bilan so‘zlashganmen. Podshoni osmon «dahriy» degan.
— Ubaydulla mahdum bilan oxirgi marta qachon ko‘rishgan edingiz?
— Besh yil... yo‘q, bir yil... esimda yo‘q! Podshongiz buzuq! Uni Salim Cheshti yo‘ldan urgan. Bianadagi isyonchilar Akbarni aynitgan...
— Salim ota pok odam edi.
— Pok bo‘lsa nechun Sakina bonuga ko‘z olaytirgan?
— Qaysi Sakina bonuga?
— Ubaydulla mahdumning jufti haloli. Uni Salim Cheshti bilan Biana mahdiylari aynitgan!
Tergovchi Ubaydulla mahdumni topdirib, guvohlikka chaqirdi. Uning to‘rtinchi xotini — o‘n sakkiz yoshli Sakina bonu Salim Cheshtiga emas, Akbarga arzga borgan ekan. Ungacha Salim ota olamdan o‘t¬gan, lekin vasvasning xayolida hamma narsa aralashib ketgan edi.
Ubaydulla mahdum katta xotinlarining chaquviga ishonib, Sakina bonuni qattiq kaltaklagan ekan. Akbar bu go‘zal juvonning kaltak zarbidan ko‘kargan yuziga qarab, unga rahmi keldi-yu, munshisi Ashrafxonga buyruq berdi:
— Ubaydulla mahdumni mening nomimdan ogohlantiring, agar bu munglikka yana jabr qilsa, qozikalonga aytib, nikohidan chiqartirgaymiz! Mah¬dumning o‘zini Bangolaga badarg‘a qildirgaymiz!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:15:00
Akbarning bu tahdididan so‘ng Ubaydulla mahdum Sakina bonuga yaxshi muomala qiladigan bo‘l¬gan, juvon tinchib qolgan edi. Lekin uydagi gap ko‘¬chaga chiqqani va Ubaydulla mahdumning yosh xotini Akbar bilan ko‘rishib, gaplashganining o‘zi saroyda turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan edi. Oxirida bu mish-mishlarni kimdir Po‘lat vasvasga tes¬kari qilib yetkazgan va uning jinini ataylab qo‘zg‘atgan edi. Lekin kim shunday qilgan? Vasvasni Akbarga qarshi qayrab solganlar kimlar? Po‘lat vasvas buni aniq aytib berolmas, so‘z topolmay qolganda «osmondan vahiy keldi», «tangrim o‘zi aytdi» deb yolg‘on vaj ko‘rsatardi.
Akbar tabiblarga buyurib:
— Vasvasni davolab ko‘ringlar, balki tuzalganda haqiqatni topish oson bo‘lgay? — dedi-da, o‘zi Dehlidan Fathobodga ketdi.
Oradan ikki hafta o‘tganda xabar keldiki, tabiblar vasvasni davolab, aqlini sal joyiga keltirgandan so‘ng, u qilgan ishining butun dahshatini endi sezadi, boshini hibsxonaning tosh devoriga bor og‘irligi bilan uradi-yu, ikki kun behush yotib jon beradi.
Akbar buni Sekrida turib eshitdi, «balki g‘animlar o‘z jinoyatlarini bekitish uchun uni shu tarzda o‘ldirgandirlar?» degan taxmin xayolidan o‘tdi.
Dushman o‘nta bo‘lsa, gumon mingta. Yelkasidagi jarohat uch oyda tuzalgan bo‘lsa ham, uning achchiq og‘riqlari Akbarning esidan chiqmaydi. Tashqi dushmanlarining bir cheti Turonda bo‘lsa, bir cheti uzoq Farangistonda turganligi, ular ichkaridagi qora kuchlar bilan til biriktirib, Akbarning joniga qasd qilishlari mumkinligi xayolidan nari ketmaydi. Uyqusiz tunlarda ichki-tashqi dushmanlarning qaysisidan qanday saqlanish haqida o‘ylanardi.

_____________
* N i n b — akasnikiga o‘xshash barglari va shoxlari to‘p bo‘lib, tepasi soyabonga o‘xshab turadigan baland daraxt.
* D e l a g a y — yaktakka o‘xshash kiyim astarsiz to‘n.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:15:20
*  *  *

Shu orada Agradan Sekriga shayxulislom Abdulla Ansoriy bir guruh sallasi katta din peshvolari bilan Akbarni ko‘rishga keldi.
Yoshi oltmishdan oshgan bo‘lsa ham, hali juda tetik bo‘lgan Ansoriyning uchi kindigiga tushadigan uzun oq soqoli bor. Yonida salobatli qozikalon Muhammad Yazdiy, jikkak imom Abduqodir Badavni va yana shunga o‘xshagan besh-oltita ulamolar Akbarga uzoq umrlar tilashdi.
Akbar ko‘kaldoshi Aziz ko‘ka bilan birga Abdulla Ansoriyni yangi poytaxt bo‘ylab olib o‘tishdi va bitgan binolarni ko‘rsatishdi.
Barcha viloyat amirlari ming-ming odamlari va ot-ulovlari bilan ishlayotganliklari uchun muhtasham imoratlar juda tez qad ko‘targan edi. Akbarning tog‘ ustidagi saroyi, ko‘lga qaragan salqin yonbag‘irdagi rani Jodha Bay ko‘shki va Salima begimlar uchun qurilgan ikki oshiyonlik go‘zal imoratlar allaqachon pardozdan chiqqan edi.
Ansoriy buning hammasini ko‘klarga ko‘tarib maqtadi-da, keyin tagdor qilib so‘radi:
— Hazratim, bu poytaxtdan shayxulislom uchun ham o‘rin berilgaymi?
— Yuring, taqsir, siz uchun maxsus joy tanlaylik,— dedi Akbar va uni ataylab Salim ota maqbarasi oldiga boshlab keldi.
Ansoriy bir vaqtlar o‘limga buyurgan g‘oyaviy dushmanining yaxlit sadaf bilan ziynatlangan oq marmar maqbarasini ko‘rganda ichidan zil ketdi, ovozi titrab, zo‘rg‘a tilovat qildi. Akbar unga tikilib turib:
— Taqsir, xabaringiz bor, — dedi. — Yashirin g‘animlarim mana shu maqbarani qurganim uchun meni dahriylikda aybladilar. Po‘lat telbani ishga solib hatto o‘ldirmoqchi bo‘ldilar!..
Akbar «O‘sha yashirin dushmanlar orasida sizning ham odamlaringiz bo‘lsa biror kuni qo‘lga tushib qolar», demoqchi edi. Shayx Ansoriy buni payqadi-yu, siri fosh bo‘lishidan qo‘rqib, darhol duo-yu fotihaga qo‘l ochdi:
— Po‘lat vasvas go‘rida to‘ng‘iz qo‘psin! Parvar¬digori olam barcha g‘animlaringizni vasvasning ko‘yiga solsin! Siz yangi poytaxtda uzoq umr ko‘ring, hamisha zafar yoringiz bo‘lsin!
Shayx Ansoriyning tilyog‘lama gaplari dilidagi adovatni yashirishning bir vositasi edi. Riyokorlikda me’yorni ham unutib, Akbarning g‘animlari qatorida o‘zini ham qarg‘ayotganini sezmas edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:16:48
Akbar o‘q yeb tortgan azoblarining alamiga uni yana bir boplagisi keldi-yu, Salim ota maqbarasidan ancha narida hind uslubida qurilib bitay deb qolgan ikki oshiyonlik chiroyli imoratni ko‘rsatdi:
— Mana buni roja Birbal uchun qurdirdik.
Ansoriyning roja Birbalni ham ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Shuni biladigan Akbar:
— Siz uchun xuddi mana shu yerdan hovli-joy ajratmog‘im mumkin, — dedi.
Roja bilan qo‘shni bo‘lish va Salim ota maqbarasi yonida yashash Abdulla Ansoriy uchun doimiy qiynoq¬qa aylanib ketishi muqarrar edi.
— Hazratim, nariroqda madrasa qurilgan ekan. Bizga o‘sha tomondan joy ko‘rsatsangiz.
— Mayli-yu, lekin madrasa ham Salim ota nomiga qurilgan. Unga shayx Muborakni bosh mudarris qilmoqchimiz.
Shayx Ansoriyning yana kayfi uchdi:
— Qaysi shayx Muborak?
— Siz uni ham «dahriy» deb o‘limga buyurgan ekansiz. Ammo biz ko‘kaldoshimiz Aziz ko‘ka yordamida taftish qilib bildik. Shayx Muborak o‘ta diyo¬natli, bilimi zo‘r, qalbi pok alloma ekan. Gujaratdan chaqirib oldik.
— Lekin u xalqni podshoga qarshi qo‘zg‘atgan is¬yonchi-ku!
— Qaysi podshoga qarshi qo‘zg‘atgan? Islom¬shohga qarshimi? Siz o‘zingiz ham Islomshohga qarshi borib, bizning hazrat otamizga yashirin ma’lumotlar yuborib turgansiz-ku, taqsir?
— Bu rost!..
— Qani, yuring, agar shayx Muborakka yaqin bo‘lay desangiz, sizga madrasa yonidan uy soldiraylik.
— Meni ma’zur tuting, hazratim! Hozircha Agrada turganim ma’qulga o‘xshaydir. O‘sha yerdagi uy-joyim yaxshi. Keksa odamning ko‘chishi qiyin...
Yangi poytaxtga yangicha siyosat tarafdorlarini yig‘ish niyatida bo‘lgan akbar shayx Ansoriyni, «ko‘chib keling, boshqa joy ko‘rsatay», deb qistamadi. Bundan alami kelgan Ansoriy oro berilgan soqolining uchini asabiy ezg‘iladi-da:
— Hazratim, yangi poytaxatning masjidi jome’si qayerga qurilmoqda? — deb so‘radi. — Axir juma kunlari xutba o‘qimoq kerak-ku!
«Agar biz nomingizni xutbaga qo‘shib o‘qimasak, sizning podsholigingizni hech kim tan olmagay!» demoqchi edi shayx Ansoriy. Akbar uning ochiq aytilmagan bu tahdidini gap ohangidan payqadi.
Ansoriyning diniy hokimiyati hali juda kuchli. U bilan birga kelgan ulamolardan tashqari, yuzlab qurolli muhtasiblar, shayxulislomga murid bo‘lgan bek-u a’yonlar, masjidda uning ortida turib namoz o‘qiydigan minglab qavmlar din peshvolarini ilohiyot vakillari deb biladilar, ularga hayiqib qaraydilar va ko‘r-ko‘rona ergashadilar. Akbar Ansoriyning diniy hoki¬miyatini tan olmasa, imom-u ulamolar avom xalq¬ni unga qarshi qo‘zg‘atib g‘ulu ko‘tarishlari mumkin. Ansoriyning tagdor savoliga javoban:
— Taqsir, masjidi jomeni saroy yoniga qurmoqdamiz, — dedi va shu bilan unga beixtiyor yon berganday bo‘ldi.
Akbarni Ansoriyga bog‘lab turgan eskicha e’tiqod iplari hozir unga o‘rgimchakning yopishqoq to‘ridek noxush tuyuldi. Bu to‘rni yorib chiqib ketish uchun Akbar o‘z atrofiga yangicha imon-u e’tiqod tarafdorlarini yig‘mog‘i va ularga suyanmog‘i kerak...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:17:25
*  *  *

Kalta qora soqolida jingalasi bor, yuz-ko‘zi arab¬larnikiday xiyol jigarrang tus berib tovlangan, lablari qalin Abdulfazl Akbarning kutubxonasida odob bilan cho‘kka tushib o‘ltiribdi. Xontaxta ustida uyum-uyum kitoblar: biri arabcha, biri forscha, biri qadimgi sanskrit tilida, yana biri turkiycha. Akbar yigirma uch yoshli Abulfazlning turfa tilli bu kitoblarni yaxshi bi¬lishini, birini biriga qiyoslab, bemalol tahlil qilishini ko‘rdi-yu, taajjub bilan so‘radi:
— Aslingiz qaysi ulusdan?
— Bobokalonimiz arab ekanlar, — dedi Abulfa¬zl.— Besh asr burun Hindistonga kelib qolganlar. Onalarimiz — hind ayollari. Hind-arab qoni besh asr aralashib, axiyri biz paydo bo‘lganmiz.
Abulfazlning akasi Fayoziy ham iste’dodli shoir edi. Ko‘p yil quvg‘inda yurib o‘g‘illarini shunchalik bilimli va ma’rifatli qilib tarbiyalagan shayx Mubo¬rakka Akbar o‘zicha yana bir qoyil bo‘lib qo‘ydi.
— Rahmatli Salim ota sizlarga jon kuydirgani bejiz emas ekan, — dedi. — U kishi aytar ediki, uzoq qonlarning aralash ishidan turfa daraxtlarning payvandi kabi noyob mevalar berg‘ay.
— Inshoollo, bu hikmatli fikr shahzoda Salim qi¬yofasida yanada mukammal amalga oshgay, — dedi Abulfazl Akbarning hind ayolidan ko‘rgan o‘g‘lini alohida ehtirom bilan tilga olib.
Bu yigitning bilimiga yarasha aqli va farosati ham o‘tkir ekanini sezgan Akbar:
— Salim otani ko‘rganmidingiz? — deb so‘radi.
— Ha, ota bizga homiy edilar. Quvg‘in bo‘lib qochib yurganimizda bir qancha vaqt boshpana berdilar. O‘shanda u kishi menga butun hayotimni yetti fazilat asosiga qurishni o‘rgatgan edilar...
— Masalan, qaysi fazilatlar?
— Birinchisi: yaxshilikka muhabbat. Ikkinchisi: insonga muruvvat. Uchinchisi: haq yo‘ldagi botirlik. Chunki o‘g‘ri, bosqinchilarning ham botiri bor. Biz faqat halol yashaydigan kishining botirligini fazilat deb bilurmiz. To‘rtinchisi: odamga kuch-qudrat be¬ruv¬chi ilm-u ma’rifat. Beshinchisi: barcha so‘z-u ishdagi samimiyat. Oltinchisi: xulq-u atvordagi insof-u di¬yonat. Yettinchisi: insonni kamolotga yetkazuvchi ma’naviyat.
— Afsuski, hayotda bu fazilatlarni sof holda topib bo‘lmagay! — dedi Akbar. — Yaxshiy-u yomon, haq-u nohaq mudom aralashib ketgay. Odamlar necha ming yillardan beri yaxshini yomondan, egrini to‘g‘ridan bexato ajratish yo‘lini izlaydilar. Nechun bu yo‘llar hanuzgacha topilmaydir?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:17:39
— Hazratim, bu yo‘llar kaftdagi chiziqlarday muqim turganda, odamzod ularni allaqachon topgan bo‘lardi. Lekin biz «yo‘llar» deb aytadigan narsalar, aslida, oqib turgan daryolardir. Yaxshi-yu yomon, halol-u harom — daryo suviday muttasil harakatda bo‘lgandan keyin noiloj aralashib ketadir. Harakatdagi daryoning yaxshi xosiyatini yomon loyqalardan ajratish benihoya mushkul.
— Balki bu umuman mumkin emasdir? Men yangi poytaxtda yangi bir insoniy muhit, adolatli bir ja¬miyat barpo qilish orzusidamen. Balki bu ro‘yobga chiqmaydigan bir xayolotdir?
Akbar dilini ochib so‘zlayotganidan ruhi ko‘tarilgan Abulfazl Arastudan Ibn Sino-yu, Navoiygacha barcha ulug‘ odamlar adolat axiyri bir kun g‘alaba qi¬lishiga ishonib yashaganlarini aytdi. Shu ishonch bo‘lmasa, yashashning ma’nosi qolarmikin?
— Rost, — dedi Akbar, — biz ne uchun dunyoga keldik? Uni bir ozgina bo‘lsa ham obodroq, adolat¬liroq qilib ketmasak yashashning ne ma’nosi bor?
— Hazratim, qadimiy kitoblarda rivoyat borki, har ming yilda yangi bir dohiy tug‘ilib, barcha adolatsizliklarni bartaraf qilgay.
Abulfazl so‘zining tasdig‘i uchun mez ustida turgan kitoblarni bir-bir ochib, goh sanskrit tilida, goh qadimgi fors-pahlaviy tilida misollar keltira boshladi:
— Mana, hindlarning muqaddas kitobida aytilmishdir: Oftob tangrisi Vishnu tanosih* qonuni bo‘yicha dunyoga cho‘pon bo‘lib qaytib kelgay, barcha adolatsizliklarni yo‘qotib, yaxshilardan adolatli jamiyat tuzgay. Nasoralarda rivoyat borki, yangi bir mahdiy Messiya, ya’ni Masiho qiyofasida kelib dun¬yoda adolat o‘rnatarmish.
Akbar otashparastlarning «Avesto»sida ham shunga o‘xshash rivoyat borligini esladi: Zorastr avlodidan Saush’yant degan dohiy paydo bo‘larkan, yomonlikni yo‘qotarkan-u dunyoni poklarkan. Turli xalqlarning e’tiqodlari bu qadar o‘xshash bo‘lsa, diniy adovatlar qayoqdan chiqib kelmoqda?
Ular birgalashib shu savolga javob izlay boshladilar. Abulfazl Akbardan to‘qqiz yosh kichik bo‘lsa ham, tarixni yaxshi bilganligi va behad ko‘p kitob o‘qiganligi tufayli ikkovi tengdosh va maslakdoshlardek berilib suhbatlashar edilar. Abulfazlning fikri¬cha, hamma balo — ruhoniylarning tamagirligi-yu fotihlarning diniy xurofot yordamida bosqinchilik siyosatini amalga oshirishida. Goh g‘azot-u jihot, goh salb yurishlari, goh hind-muslim qirg‘inlari — bari g‘arazli maqsadlarga xizmat qilgan. Bid’at-u xurofot bir xalqni ikkinchisiga yomon ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, albatta, uning urf-u odatlarini, imon-u e’tiqodini buzib talqin qiladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:17:53
— Hazratim, johillar shu yo‘l bilan... «Faqat biz yaxshi, boshqalar yomon» deb, o‘zlarini ustun ko‘rsatib, xurofiy hokimiyatlarini o‘rnaturlar. Ular uchun haqiqat kerak emas. Xurofot-u bid’at mudom taxminiy gapga, rivoyatga, mish-mishga asoslanib ish ko‘rur. Ko‘pchilik ruhoniylar boshqa xalqlarning imon-u e’tiqodi neligini bilmaydir, bilishdan ham cho‘chiydir. Go‘yo boshqa dinlarga qiziqsa, muslimlik e’tiqodi bo‘shashib ketarmish. Shuning uchun boshqa tildagi nodir kitoblarni «makruh» sanab, iliklariga ham ol-maydigan ulamolar ko‘p. Holbuki, yaxshini yomondan farq qilmoq uchun ularni o‘rganib chiqmoq kerak. Faqir shu e’tiqod asosida dunyodagi beshta asosiy dinlarning tarixini qiyosan o‘rgandim-u farqla¬ridan tashqari o‘xshash joylari ko‘pligidan hayratga tushdim.
Abulfazl «Injil»ni ochdi:
— Mana, Odam Ato bilan Momo Havo haqidagi rivoyat nasoralarda ham bor. Faqat ular Odam Atoni Adam deydilar. Momo Havoni Yeva deydilar. Yana bir narsaga e’tibor bering, hazratim: fotiha o‘qilgach, muslimlar «omin» deydilar, nasoralar «amin» deydilar, yunonlar «amn» deydilar, hindlar «ouvmm» deydilar.
— To‘rtalasi ham o‘xshash! — hayrat bilan xitob qildi Akbar. — Agar turli uluslar bid’at-u xurofot ta’siridan qutulsalar-u o‘zlari haqidagi chin haqiqatni bilsalar, dahshatli diniy adovatlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketmasmidi?
— Men ham nuqul ana shu haqda o‘ylayman-u hech o‘yimning tagiga yetolmaymen! Chunki ko‘p joyda shayx Ansoriyga o‘xshash xurofotchilar hoki¬miyat tepasiga chiqib olmishlar. Ular boshqacha fikr yuritadiganlarni «dahriy» e’lon qilib o‘limga buyururlar, zindonga tashlaydirlar. Hatto Ulug‘bekdek tojdor allomani o‘shalar o‘limga hukm qilish huquqiga ega bo‘lganini tarixdan bilursiz.
— Menga qarshi suiqasd tayyorlaganlar ham shular! — dedi Akbar badaniga sanchilgan yoy o‘qining achchiq og‘rig‘ini hozir qayta his qilganday ozorlanib.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:18:10
— Faqat sharqda shundaymi desam, g‘arbda — Farangistonda ham diniy hokimiyat juda shafqatsiz emish. Gujaratda yurganimda farangi dengizchilar so‘zlab berdilar. Ularda bizdagidan ham katta xurofiy hokimiyat bor ekan. «Inkivizitsiya» deyilarkan. Dahriy deb gumon qilinganlarni ming qiynoqlarga solib, so‘roq qilarmishlar. Dahriyligi isbot etilsa, ustunga bog‘lab qo‘yib, tagidan o‘t qo‘yib, kuydirarmishlar. ma’rifatli allomalar xurofotga zid bo‘lgan yangi fikr aytsa bas, bizdagiga o‘xshab, ularni ham dahriylikda ayblashar ekan-u olovda kuydirib o‘ldirisharkan. Holbuki, imon-u e’tiqodni har bir kishi diliga joylagay. Inson dilini bu tarzda idora etib bo‘lg‘aymi, axir, hazratim? e’tiqodi boshqacha bo‘lgan odamlarni sharqda toshbo‘ron qilib o‘ldiradigan, g‘arbda olovga tashlab kuydiradigan johillar istibdodi qachondir bir vaqt yo‘qotilmog‘i kerak!
Bu hokimiyatdan ko‘p jabr ko‘rgan Salim ota ham shu fikrni aytgani Akbarning esiga tushdi. Eng yaxshi odamlarga shunchalik zulm o‘tkazayotgan ansoriylarning hokimiyatidan qanday qilib qutulish mumkin?
Mana shu fikr Akbarga besh-o‘n kun tinchlik ber¬may yurdi. U abulfazl bilan yana kutubxonada uchrashganda ulkan gumbazli yangi binoning qog‘oz¬ga chizilgan xomaki rejasini ko‘rsatdi.
— Janob Abulfazl, faraz qilingki, bu gumbaz — ilohiy osmon ramzi. Mamlakat xalqlarining imon-u e’tiqodlarini xuddi tog‘ning turli yonbag‘irlari kabi shu yaxlit gumbaz ostiga yig‘sak ne deysiz?
— Qanday qilib, hazratim? — tushunmadi Abulfazl.
— Hind eli muqaddas sanaydigan kitoblar bor. Siz ularning eng qadimiysi deb «Rigvedani» aytdingizmi? Binoning alohida bir qismini shu kitob egallasa... hindlarning imon-e’tiqodiga mos kelurmi?
— Shubhasiz mos kelur!
— Mamlakatimizda otashparastlar bor. Ularning «Avesto»si qachon yozilgan?
— Bundan uch ming yil muqaddam.
— Demak, binoning ikkinchi qismi «Avesto»ga, uchinchi qismi nasoralarning muqaddas kitoblariga berilsa, to‘rtinchi qismi — muslimlar e’tiqodiga makon bo‘lsa.
— Barcha e’tiqodlar bir gumbaz ostida birga, barobar!.. Hazratim, tarixda hali hech kim qilishga jur’at etmagan yangi ishga bel bog‘labsiz! Eng muhimi, turli e’tiqod vakillari bir davraga yig‘ilsalar, haqiqatni bi¬lishlari osonroq bo‘lg‘ay, xurofot-u bid’at chekingay.
— Oxir-oqibatda ansoriylarning xurofiy hokimiya¬tidan qutulish mumkin bo‘lgay! — deb Akbar Abulfazlning fikrini davom ettirdi. — Chunki bu hokimiyat diniy adovatga asoslanmishdir. Biz diniy adovatni yo‘qotsak, ansoriyning suyangan ustunlari qulagay, o‘zi keraksiz bo‘lib, chetga chiqib qolgay!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:18:24
Abulfazl Akbarning rejasi qanchalik uzoqni ko‘zlab chizilganini endi tushundi-yu, hayajon bilan o‘rnidan turib unga ta’zim qildi:
— Hazratim, bu to‘rt qismlik obida — sizning ulug‘ bir me’morlik kashfiyotingiz bo‘lg‘usidir!
— Agar bu chindan kashfiyot bo‘lsa, uni men siz¬ning yordamingiz bilan qilmishmen, mavlono! — dedi Akbar.
O‘sha kuni Abulfazlga mo‘tabar mavlonolik unvoni berildi. Keyinroqu Akbarning eng ishongan sirdosh vaziri bo‘lib qoldi.
Bir gumbaz ostidagi to‘rt qismlik binoni ular o‘zaro suhbatda «E’tiqodxona» deb atashardi. Lekin dindorlarni cho‘chitmaslik uchun rasmiy ravishda unga «ibodatxona» deb nom berdilar. Yangi binoga joy tanlashda esa Akbar Bianadagi xalq qo‘zg‘oloniga boshchilik qilgan Abdulla Niyoziyning eski hujrasi o‘rnini ma’qul ko‘rdi.
Bu hujra yangi saroy binosi tushgan joyga yaqin. Abdulla Niyoziyning o‘ziga Salim ota turgan ko‘l bo‘yidan boshqa joy berilgan. Abdulla Niyoziy hozir qurolli qo‘zg‘olon yo‘lidan qaytgan, lekin mahdiylar e’tiqodidan voz kechgan emas. U ham shayx Muborak kabi butun najotni odil podshodan izlaydi va Akbarga umid bilan qaraydi.
Akbar esa ansoriylarning diniy istibdodiga qarshi kurashda marhum Salim otaning shogirdlari bo‘lgan mahdiylarga suyanadi. Shu sabablar bilan ikki oradagi yaqinlik tobora o‘sib boradi...

______________
* T a n o s i h — ruhning yangi shakllarda qayta tug‘ilishi haqidagi falsafa.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:18:39
*  *  *

Ichki g‘animlarni bartaraf qilish yo‘llari shu tarzda belgilangach, Akbarning xayolini tashqi dushmanlar ko‘proq band qila boshladi. Ularning eng ashaddiylari hozir Gujarat va Goa tomonlarda edi. Ular o‘sha yoqlardan maxfiy odam yuborib, yana Po‘lat vasvasga o‘xshagan odamlarni Akbarga qarshi zimdan ishga solayotgan bo‘lishlari mumkin. Lekin Gujaratda Akbar yuborgan mushriflar ham tinmay ish olib bormoqdalar. Ular Gujaratdagi ichki nizolardan foydalanib, Muzaffarshohning vaziri E’timodxon bilan yashirin aloqa o‘rnatdilar. Akbarning nomidan bu vazirga xatlar, sovg‘alar eltib topshirdilar va katta va’dalar berdilar.
Nihoyat, E’timodxon Akbarga yon bosib, maxfiy javob yozdi:
«Hazrat shahanshoh! Bundan o‘ttiz yil burun Gujarat sizning otangiz qalamravida edi. O‘shanda faqir Zafarshohlar sulolasiga yon bosib, Gujaratning markaziy davlatdan ajralib chiqishiga yordam bergan edim. Bu ishim xato bo‘lganini menga shu o‘tgan yillar ko‘rsatdi. Muzaffarshoh Gujaratni xarob qildi. Dengiz qirg‘oqlaridagi ellar farangilar ixtiyoriga o‘tmoqda, ilm-ma’rifat inqirozga yuz tutdi, diniy adovat va ichki parokandalik Gujaratni behad zaif¬lashtirib qo‘ydi. Holbuki, biz qudratli markaziy davlat tarkibida bo‘lganimizda bu ahvolga tushmas edik. Sizning ilm-u ma’rifatga keng yo‘l berganingizni, diniy adovatga qarshi turganingizni, qanday islohotlar o‘tkazganingizni va katta qurilishlar qilayotganingizni Agraga, Dehliga, Sekriga borib kelgan odamlardan eshitib havasimiz kelur. Bizning iste’dodsiz johil hukm¬dorimiz Muzaffarshoh el-ulusni o‘zidan bezdirgan, ko‘pchilik bek-u sipohilar ham undan qutulishning yo‘lini izlamoqdalar. Hatto men uni bir vaqtlar taxtga chiqarganimga endi ming pushaymonlar qilmoqdamen. Agar kelsangiz, Ahmadobod sizga peshkash, maslahat bilan darvozalarni jangsiz ochib berishga tayyormiz».
Akbar Gujarat yurishi uchun endi fursat kelganini sezdi. Uning xayoli Muzaffarshoh qanoti ostida qochib yurgan Sharafiddin mirzoga va Goa orolidan Po‘lat vasvasga to‘fang yuborgan farangilarga ketdi. Tashqi g‘animlar bilan kurashda Akbar otasining xatolarini takrorlamaslikka intiladi. Yangi davlat ham ulkan daraxt kabi mustahkam ildiz otmaguncha uni sug‘urib tashlash oson bo‘lishini Humoyunning Ganga bo‘yidagi mag‘lubiyati ko‘rsatgan edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:18:58
Yigit paytida tezkorlikni yaxshi ko‘rgan Humoyun taxtga o‘ltirganining dastlabki uch-to‘rt yili ichida sharqqa va g‘arbga, janubga va shimolga ketma-ket yurishlar qilib, o‘ndan ortiq viloyatlarni zabt etdi. Lekin u Gujaratga yurish qilganda sharqda Bixor isyon ko‘tarib, ixtiyoridan chiqib, mustaqil bo‘lib oldi. Akbar o‘sha achchiq saboqlarni esda tutib, davlatining chegaralarini shoshmasdan, qadamma-qadam kengaytirib bormoqda edi. o‘n besh yil davomida Gujarat bilan Agra oralig‘idagi Bikanir, Chitor, Bundi, Malva kabi viloyatlarda ichki parokandalikni tugatdi, eng nufuzli roja va roalar bilan qon-qarindosh bo‘ldi, otliq askarlarining yarmini sodiq rajputlardan yolladi. Hatto umr bo‘yi Bobur va Humoyunga qarshi kurashib o‘t¬gan Rana Sangram Sinxning nevarasi Uday Sinx endi Akbarni tan olib, u bilan ittifoq tuzdi. Uning E’ti¬modxon bilan mahfiy aloqa o‘rnatganiga ham ikki yil bo‘ldi. Endi Gujarat yurishi uchun vaziyat yetilganini o‘sha yoqdan axborot yuborib turgan xufiyalarning ma’lumotlari ham tasdiqladi.
Akbar o‘n ming qo‘shin bilan mezon oyida Ah¬mad¬¬obodga yaqinlashdi. E’timodxon so‘zida turib, ikki ming odam bilan Akbar tomonga o‘tdi. Muzaffarshoh jang qilishga yuragi betlamay poytaxtni tashlab qochdi. Akbar Aziz ko‘kaldoshni besh ming askar bilan quvg‘in qilib yubordi-da, o‘zi Ahma¬doboddagi podsho saroyiga kirib joylashdi.
Aziz ko‘ka ertasi kuni peshinda Muzaffarshohni tutib keltirdi. Bu shoh qirq yoshlardagi, semiz, qora odam ekan, o‘zi shuncha yil hukmronlik qilgan saroyni endi Akbar egallab olganini ko‘rib, yuzlari alamdan ko‘karib ketdi. Biroq joni shirin tuyulib, Akbar o‘ltirgan taxt qarshisida ta’zimga egildi, o‘ng qo‘lining orqasini avval yerga tekkizib, so‘ng boshi ustiga baland ko‘tardi-da, taslim* bajo keltirdi:
— Hazrat shahanshoh, taqdir ekan, biz yengildik. Xatolik o‘tgan bo‘lsa afv eting. Agar qonimdan kechsangiz, to o‘lguncha sizga sadoqat saqlab, bir go‘shada tinchgina yashamoqchimen!
Akbar uning zahar tomib turgan ko‘zlariga qarab, dilidan hali adovat ketmaganini sezdi. Taxt yonida turgan Bhagvan Das ham Akbarga, «ishomang, so‘zida turmagay!» deb shivirladi.
Lekin Ahmadobod jangsiz olinganidan quvonib, ko‘ngli yumshab turgan Akbar tiz cho‘kib, taslim bo‘lgan odamni o‘limga buyurishni o‘ziga munosib ko‘rmadi.
— Janob Muzaffarshoh, mening ota-bobolarim «egilgan boshni qilich kesmas» degan qoidaga amal qilib kelganlar. Men ham birinchi marta qoningizdan kechdim...
— Minnatdormen, hazratim, hoki poyingizni ko‘zga surgaymen.
Akbar unga Ahmadobod yaqinidan jogir berdi, xa¬zinadan nafaqa to‘lab turishni, ayni vaqtda, kecha-yu kunduz atrofidan qo‘riqchini uzmay, ko‘z-quloq bo‘lishni buyurdi.
Muzaffarshohni tutib kelgan Aziz ko‘kaga xoni a’zam unvoni berildi. Akbar uni Ahmadobodga hokim tayinladi-da, o‘zi besh ming askari bilan dengiz bo‘yidagi Surat bandariga yo‘l oldi.

_______________
* T a s l i m — ta’zimning bir turi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:20:02
*  *  *

Hind ummoni. Oxiri ufqlarga tutashib ketgan bahaybat katta suv ichida ulkan kemalar ham pista po‘chog‘iday kichik ko‘rinadi. Akbar umrida birinchi marta dengiz kemasiga tushib, ota-bobolari ko‘rmagan Kambey ko‘rfazida sayr qildi va Goa oroligacha suzib bordi. Bu yerda u dengiz hokimlari bo‘lib olgan farangi portugallarning cherkovlarini kirib ko‘rdi. Portugallarning kemalari hind kemalaridan yirikroq va qudratliroq edi. Goani o‘zlariniki qilib olgan va dengiz yo‘liga xo‘jayinlik qilib yurgan farangilar Akbarga iltifot ko‘rsatgan bo‘lib, uni eng katta kemalarida sayr qildirmoqchi bo‘lishdi.
— Men hind kemasida suzishni afzal ko‘rurmen!— dedi Akbar va Goaning portugaliyalik hokimidan tarjimon orqali so‘radi: — Bu yerda ilgari hind ibodat¬xonalari, muslim masjidlari bormidi?
— Bor edi.
— Hozir nechun ko‘rinmaydir?
— Chunki... aholi bari cherkovga boradigan katoliklardir.
— Qachondan beri? Asrlar davomida Goada hindlar bilan muslimlar yashab kelar edi-ku. Ularni fa¬rangilarning Albukerka degan amiralbahri qirib tashlagani rostmi?
— Hammasini emas... bir qismi... katolik diniga o‘tgan...
— Demak, farangilar hindi-yu muslimlarni zo‘ravonlik bilan o‘z dinlariga o‘tkazmoqdalar! Balki sizlar butun Hindistonni zo‘ravonlik bilan bosib olmoqchidirsizlar?!
— Zinhor undoq emas, hazrati oliylari! Biz sizdek ulug‘ podshohni hurmat qilurmiz... Hind xalqi bilan ham hamkorlik qilmoqchimiz.
— Ayting-chi, janob hokim, rasmiy hujjatlarda sizning lavozimingiz ne tavr aytilur? — so‘radi Akbar.
Goa hokimi Portugaliya qirolining Hindiston bo‘yicha noibi hisoblanardi. Rasmiy hujjatlarda bu hokim «Hindiston vitse-qiroli» deb ulug‘lanardi. Ho¬kim buni ochiq aytsa, butun Hindistonga da’vo qiladigandek ko‘rinishini sezdi-yu, gapni burdi:
— Kamina Portugaliya qirolining Goa orolidagi noibimen...
— Faqat Goa emas, janob noib, sizni butun Hindiston yerlariga xo‘jayin tayinlab farmon chiqarilganidan biz xabardormiz! Qirolingizga shuni ma’lum qilingki, Hindiston — mustaqil davlat, uning o‘z podshosi bor. Hindistonga noib kerak bo‘lsa, uni Farangiston qiroli emas, biz o‘zimiz tayinlagaymiz!
— Bu so‘zlaringizni qirol hazratlariga albatta yetkazgaymiz. Biz sizning mustaqilligingizni hurmat qilurmiz!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:20:55
— Ammo ba’zi farangilar bizning ichki ishlarimizga aralashmoqdalar... Hatto bizga qarshi suiqasd qilgan bir telbaning uyidan farangi to‘fangi topildi... Hozir bizda ham to‘fang-u zambaraklar ko‘p. Ogoh¬lantirib qo‘ymoqchimizki, yana shunday ishlar takror bo‘lsa, bizning zambaraklar sizlarga qarshi otilmog‘i ham mumkin!
Akbarning aytganini qila oladigan odam ekanini biladigan Goa hokimi tashvishga tushib:
— Biz siz bilan tinch-totuv yashashni istaymiz, hazrati oliylari! — dedi. — Agar suiqasdga qatnashgan odam Goada bo‘lsa uni tutib berishga tayyormiz!..
Akbar vazir Jamilga ishora qildi. Vazir Jamil qo‘y¬ni¬dan qog‘oz olib, Po‘lat vasvas va ba’zi guvohlarning aytishicha, o‘sha to‘fangni Alvaro Pakavira degan keksa odam Dehliga olib borgani haqida axborot berdi.
Goa hokimi yonidagi mulozimlaridan nimanidir so‘radi-da, tez Akbarga yuzlandi:
— Alvaro Pakavira yaqinda po‘rtana paytida dengizga cho‘kib halok bo‘lmishdir... Agar hazrati oliyla¬riga yomonlik qilgan bo‘lsa, unga qasos qaytgani shu! minba’d biz Hindiston bilan faqat yaxshi aloqalar qi¬lish niyatidamiz. Din-u millat ayirmasdan bordi-keldi qilaylik! Agar siz hazrati oliylari, lozim ko‘rsangiz, bizga elchilar yuboring. Biz elchilaringizni o‘z kema¬larimizda Portugaliyaga, o‘z qirolimiz huzuriga olib borishga, so‘ng qaytarib olib kelishga tayyormiz.
Bu gaplar Akbarni xiyol yumshatdi. U Portu¬galiyaga elchi yuboradigan bo‘lib Goa hokimi bilan xayrlashdi. Surat bandariga kemada qaytar ekan, yoni¬da turgan Qilichxon Andijoniy unga turk dengizchisi Seydi Ali Raisni eslatdi:
— Jannati otangiz bu turk lashkarboshisi bilan Dehlida Puran qal’ada qanday so‘zlashganlari yodingizda bormi? O‘shanda otangiz «turk podsholari bilan hamkorlikda farangilarni Goadan quvgaymiz» deb niyat qilgan edilar-a!
— Ha, ha, Seydi Ali Rais Sulaymoniy degan eng buyuk zambaragini Surat bandariga yashirib ketganini aytgan edi... Ehtimol, hali turgandir?
— Oradan yigirma yil o‘tdi. Balki yo‘qolib ketgandir?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:21:15
— Ammo izlab ko‘rmoq kerak, janob Qilichxon! Bu vazifa sizga yuklanur!
Seydi Ali rais Surat bandarining odam kam boradigan chet bir jyoiga, eski turk kemasining ichiga be¬kitib ketgan zambarak hali turgan ekan. Qilichxon Andijoniy boshliq yuzdan ortiq navkarlar uni topib, qirg‘oqqa olib chiqdilar. Zambarakning suv tekkan joylari zanglagan ekan, uni tozalab, yog‘ladilar va o‘n g‘ildiraklik ulkan arobaga ortdilar. Bu arobani o‘ttiz ikkita ho‘kizga torttirib, Ahmadobod orqali Fathpur Sekriga jo‘natdilar.
— Bu zambarak ham bizning turk podshosi bilan hamkorlik qilishimizga, ham farangilarni Goa orolidan quvishimizga xizmat qilgay! — dedi Akbar. — Janob Qilichxon! Siz Turkiyaga bizdan elchi bo‘lib borgaysiz! Dengiz kemalari qurmog‘imiz kerak. Turk kemasozlari kelsinlar!..
Lekin Akbar bu niyatini amalga oshirishga ulgurmasdan Ahmadoboddan shum xabarlar keldi. Muzaf¬farshoh Akbar qo‘ydirgan qo‘riqchilarni o‘ldirib qochibdi, bir guruh temuriyzoda mirzolar uning tara¬fini olib isyon ko‘taribdi.
Husayn Boyqaro avlodidan bo‘lgan bu mirzolar avval ham o‘z qarindoshlari Akbarga baxilligi kelib, nuqul uning dushmanlariga yordam berib yurishardi. Sambxaldan qochgan va Po‘lat vasvasni ishga solib Akbarga o‘q ottirgan Sharafiddin mirzo ham shular¬ning yoniga kirgan edi. Mirzolar yordamida Ah¬madobod yonidagi jogiridan qochgan Muzaffarshoh Borinj qal’asini g‘aflat uyqusi paytida ishg‘ol qilib, Akbarga sodiq bo‘lgan Qutbiddinni qatl ettiradi. Gujarat viloyatining xazinasiga necha yillar davomida yig‘ilgan o‘n kurur* rupiy oltinni Akbar Qutbiddinga ishonib topshirgan edi. Muzaffarshoh shunday katta boylikni o‘zlashtirgach, o‘zini yana qudratli sezib, bir talay askar yollaydi. So‘ng Ahmadobod qal’asida hokim bo‘lgan Aziz ko‘kaga qarshi urush boshlaydi. Mirzolar esa undan beridagi Sarnalda Akbarning Ah¬madobodga qaytadigan yo‘lini to‘sib turgan emishlar.
Akbar bu xunuk xabarlarni eshitganda Muzaf¬farshohni kechirib katta xatoga yo‘l qo‘ygani uchun o‘zidan ham qattiq koyindi. Qarindosh bo‘la turib, yelkadan pichoq urgan temuriy mirzolarga qarshi di¬lida qo‘zg‘algan cheksiz qahr-u g‘azab uni  quyunday uchirib, dengiz bo‘yidan Sarnal tomonga olib ketdi.
Suratdan Sarnalgacha otda o‘n kunlik yo‘l edi. Akbarning dengiz bo‘yida yurganini eshitgan mirzolar uni hali-beri qaytib kelolmaydi, deb bexavotir yurgan edilar. Akbar Hayron degan chopqir iroq otida uch kun o‘tmay Sarnalga yetib bordi. U behad tez yo‘l yurgani uchun qo‘shinining asosiy qismi Mahendra daryosidan narida qolib ketdi. Akbar daryodan bi¬rinchi bo‘lib o‘tib, Sarnal qal’asiga elliktacha odami bilan yetib kelganda, darvozalar ochiq turgan ekan. Akbar asosiy kuchlarining yetib kelishini kutadigan bo‘lsa, mirzolar xabar topib, qal’a darvozalarini be¬kitib olishadi. Keyin urush va qamal bir necha oyga cho‘zilib ketishi mumkin. Akbar o‘ng yonida turgan Bhagvan Dasga qaradi:
— Tavakkal qilaylikmi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:21:31
— Mayli! — dedi Bhagvan Das ham tap tortmay.
Akbar bor odamini uchga bo‘ldi-da, o‘ng qanotga Zayniddin ko‘kaldoshni, chap qanotga Man Sinxni tayinladi. O‘n olti yoshga kirib, janglarga qatnashib yurgan Abdurahim otasi Bayramxonday pishiq, dovyurak yigit bo‘lgan edi. Akbar bilan o‘n kunlik yo‘lni uch kunda bosib o‘ta olgan eng dov yigitlarning biri ham Abdurahim edi... Akbar uni va Bhagvan Dasni o‘zi bilan markazda qoldirdi. So‘ng hammalari qilich yalang‘ochlab Sarnal qal’asining ochiq darvozasidan ot qo‘yib kirdilar.
Qal’a ichida mirzolarning to‘rt ming askari bor edi. Lekin Akbarning kutilmagan hamlasi ularni esankira¬tib qo‘ydi. Saflanishga va to‘planishga ulgurmagan yuzlab navkarlar qal’aning tor ko‘chalarida tiqilishib, o‘zlariga o‘zlari xalaqit bera boshladilar. To‘polonda yov askari qaysi, o‘zlariniki qayoqda — ajratish oson emas. Shunday bo‘lsa ham, Muzaffar Husayn mirzo boshliq yuztacha otliqlar Akbarning yo‘lini to‘sib chiqdi. Narigi ko‘chadan chiqqan Ibrohim Husayn mirzoning navkarlari chap qanotdagi Man Sinxga hamla qildi. mas’ud Husayn mirzo Zayniddin ko‘ka bilan olisha boshladi.
Akbarning egnida zirhli kiyim, boshida dubulg‘a. Qarshidan otilayotgan yoy o‘qlaridan biri ko‘kragidagi choroynaga «tars» etib tegib, sirpanib ketdi. Yana bir o‘q tizzasini yopib turgan temir zonupo‘shga qarsillab urildi. Akbar boshini yelkasiga tortib xiyol egildi-da, qilich yalang‘ochlagan holda o‘q otayotgan navkarga tashlandi. Lekin shu orada Bhagvan Das bu navkarni qilichi bilan chopib, otdan yiqitdi. Yon tomondan Zayniddin ko‘kaning:
— Akbar hazratlariga qarang! — degan xitobi eshitildi. Bu uning: «Akbarni qo‘riqlang!» degani edi.
Amir Temurning oltin sopli qilichini yalang‘och¬lab, ot choptirib kelayotgan akbarni yov navkarlari endi ko‘rdilar. Bhagvan Das va Zayniddin ko‘kaning zarbalaridan yiqilib tushayotgan yovlar ham ularga Akbarning qilichidan ag‘anab ketayotganday tuyuldi. Mirzolar tomonidan otilgan yoy o‘qlari Akbarning zirhli kiyimiga tegib, sapchib ketayotgani yovlariga uni o‘q o‘tmaydigan nazarkarda qilib ko‘rsatardi.
— Akbarning o‘zi! Qo‘lida Amir Temurning qilichi!
— Akbar!.. — degan so‘zlar yov navkarlari orasida xuddi «balo-qazo kelyapti, joning borida qochib qol!» degan bir vahimali ohangda tarqaldi. Son jihatidan qirq barobar ko‘p bo‘lgan yovlar mana shu vahimaga berilib, tiraqaylab qocha boshladi. Akbar ulardan birortasiga qilich tekkizolgani yo‘q. Faqat uning o‘zi oldingi safda o‘q yomg‘iri ostida hujum qilib kelayotgani uchun yonidagi bek va navkarlari o‘lgan-qolganlariga qaramay dushmanlar ustiga tashlanmoqda edilar. Markazdagi Bhagvan Das Akbarga nayza otmoq¬chi bo‘lgan mirzolardan birining qo‘liga qilich urdi. Dasning butun xayoli Akbar himoyasi bilan band bo‘lib, o‘ng yonida jang qilayotgan o‘g‘li Bhupatni ham unutgan edi. Mirzolar tomonidan otilgan bir o‘q o‘n yetti yoshli Bhupatning bo‘yniga qadaldi. U otdan yiqilayotganda Abdurahim kelib tutib qoldi va bexatar joyga olib chiqdi.
Qochib borayotgan yov askarlari hujum qilib kelayotganlar bilan aralashib ketgani uchun mirzolarga dushman behad ko‘p bo‘lib ko‘rindi. Bu orada Akbarning asosiy kuchlari ham daryodan o‘tishga ulgurgan va Sarnalga kira boshlagan edi. Endi Akbarga bas kelib bo‘lmasligini sezgan mirzolar qal’aning narigi chetidagi darvozalardan tumtaraqay bo‘lib qochib chiqdilar. Ibrohim mirzo shimoldagi Multonga qarab qochgan edi. Uni tutib, boshini kesib keltirdilar. Muzaffar Husayn bilan Sharafiddin mirzolar janubdagi Dakan podshosining huzuriga qochib borib jon saqladilar.
Dakan tojdorining mustaqil hukmronlik qilishi uchun Akbardan ko‘ra Muzaffar Husayn bexatarroq edi. Mirzolar uning yordamida o‘n ming qo‘shin to‘pladilar va bir yil o‘tgach, yana Gujarat chegarasiga bostirib kirdilar. Muzaffarshoh o‘z tarafdorlari bilan qo‘shildi. O‘ttiz mingga yetgan mo‘ri-malaxday dahshatli qo‘shin Gujaratda hokim bo‘lgan Aziz ko‘kaning atrofini o‘rab Ahmadobodga bostirib kela boshladi.

____________
* O‘ n  k u r u r — yuz million.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:22:55
*  *  *

Allaqachon Fathobodga qaytib, bu yerdagi qurilish ishlariga kirishib ketgan Akbar Aziz ko‘kaning qamalda qolganini saraton oyida eshitdi. Yomg‘ir fasli avjida, yo‘llar balchiq bo‘lishiga qaramay u o‘n ming askarni Bhagvan Das boshchiligida Gujaratga yordamga jo‘natdi. Adulfazl ham bu qo‘shin bilan birga ketdi.
Akbarning o‘zi asad oyida ham poytaxtda yurar, mirzolar buni Sekridagi xufiyalarining axborotidan bilib turar edilar. Bhagvan Das boshliq qo‘shin yomg‘irli kunlarda qaynalib bir oyda ham Ahmadobodga yaqinlasha olgan emas edi.
Sunbula kirib, osmonda yomg‘ir bulutlari kamaya boshlagandan keyin akbar besh yuzta saralangan bek-u navkari bilan kechasi Fathoboddan Gujaratga yo‘l oldi. U dushmanlarini yana g‘aflatda qoldirib, to‘satdan bostirib bormoqchi edi. Shuning uchun choparlar tezligida yo‘l yura boshladi. Eng tezyurar ot va tuyalar oldindan tanlangan va yo‘llardagi maxsus joylarda tayyorlab turilgan edi.
Sekri bilan Ahmadobod oralig‘idagi yo‘l salkam sakkiz yuz mil. Ot va tuyalarni ming qistab haydaganda ham Hindiston issiqlarida yetmish-sakson mil yo‘l bosib bo‘lmas edi. Lekin Akbar choparlar kabi ot va tuyalarni har kuni bir necha marta almashtirib, shamolday uchib bora boshladi. Kunduz eng issiq paytida besh yuz odam hammasi soya joy topib uxlab olar, so‘ng kechasi bilan to sahar pallagacha yo‘l yuri¬shar edi. Akbarning o‘zi to‘qqiz kun davomida bu tezlikka bardosh berib kelayotgani uchun ko‘pchilik yigit¬lari ham «charchadim» deb ayta olmas edi.
Bu yigitlardan biri — Akbarning tutingan o‘g‘li, endi o‘n yettiga kirgan Abdurahim edi. Akbar uni o‘zining eng sodiq ko‘kaldoshi Azizning singlisi Moh bonuga uylantirgan, Jajji enaga endi Abdurahimga ona o‘rnida edi. Abdurahim Ahmadobodda qamalda qolgan qaynota-qaynonasini tezroq qutqarish uchun ham tun-u kun yo‘l yurishning barcha mashaqqatlariga bardosh berib kelmoqda edi.
Akbar va uning besh yuz yigiti Sekridan Gujaratga to‘qqiz kunda yetib bordi, bir kecha-kunduzda sakson-to‘qson mil yo‘l bosgan paytlari bo‘ldi.*
Gujaratga hali Akbarning Sekridan yo‘lga chiqqani haqidagi ma’lumot ham kelib ulgurmagan edi. Sabarmati daryosidan naridagi joylarni egallab olgan mirzolarga xabar keltirayotgan xufiyalar yarim yo‘lda qolib ketishgan edi. Gujaratda to‘satdan paydo bo‘lgan Akbar Bhagvan Dasning bir yarim oy oldin yo‘lga chiqqan qo‘shiniga yetib borib, uni ham o‘z ixtiyoriga o‘tkazdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:23:12
Mirzolar daryo bo‘yidagi soya-salqin joylarni qarorgoh qilib bamaylixotir o‘ltirganlarida Sabarma¬tining narigi qirg‘og‘ida birdan Akbar qo‘shini paydo bo‘ldi va daryodan o‘ta boshladi. Mirzolar shosha-pisha o‘ttiz ming qo‘shinni saf qilib, Sabarmati tomon yo‘l oldilar. Bu orada Akbar to‘rtta yigiti bilan Sabarmatidan birinchi bo‘lib suzib o‘tgan edi. Bosh sarkarda o‘zini suvga dadil tashlaganini ko‘rgan bek-u navkarlar ham uning ketidan o‘zlarini suvga otdilar. Uch mingtacha askar o‘tib bo‘lgach, Akbar qolganla¬rini kutib o‘ltirmay hujumni boshladi.
Uning tagida — bir vaqtlari ammasi Gulbadan begim in’om etgan Hayron ismli o‘sha iroq oti. Suv¬dan o‘tish oson bo‘lsin uchun Akbar otning ustidagi og‘ir zirhli kejimni olib tashlagan edi. Jang qizig‘ida zirhli kejimni qayta yoptirishga ulgurmadi, yov tomonni vahimaga solish uchun ham o‘zi oldingi safda ot choptirib bora boshladi. Lekin mirzolarning qo‘shini son jihatidan behad ko‘p edi. O‘qlar do‘lday yog‘ila boshladi. Akbarga tekkan besh-oltita o‘qni uning qo‘lidagi qalqoni va egnidagi zirhli kiyimlari qaytardi. Faqat tagidagi Hayron biqinidan o‘q yeb, gandiraklab to‘xtadi.
Piyoladay katta-katta ko‘zlarida doimiy bir hayrat qotib qolganday ko‘rinadigan bu ot Akbarga o‘n yildan ortiq xizmat qildi. Ne-ne uzoq masofalardan uni qushday uchirib o‘tkazdi. Otning hayron qolarli kuchi va hayratga to‘la kuzlari bor edi, shuning uchun Akbar unga Hayron deb nom qo‘ygan edi.
Hozir zirhli kejim yopilmagani uchun o‘q yegan Hayronning biqinidan tizillab qon otilmoqda. Agar u yana bir necha qadam qo‘ysa, yiqilishi muqarrar. Jonivor ot Akbar bilan yiqilmaslik uchun oyoqlarini kerib to‘xtab turardi.
Buni sezgan Akbar orqada kelayotgan otbegiga:
— Rohvorni* bering! Tez! — deb qichqirdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:23:25
Bosh sarkardaning otdan yiqilganini yovlari ko‘rmasligi kerak edi. Otbegi zirhli kejim yopilgan va uzoq yo‘lda yaxshi yuradigan saman bedov Rohvorni darhol yetaklab kelib, Akbarga to‘g‘riladi. Akbar egardan sakrab o‘tguncha sadoqatli Hayron oyoqlarini yerga mahkam tirab, yiqilmay turdi. Egasi boshqa otga minib uzoqlasha boshlagandan so‘ng yarador ot gursillab yiqildi.
Muzaffar Husayn mirzo uzoqdagi bir tepalik ustida otliq turib, jangni boshqarmoqda. Akbar shu tepalikka yaqinlashganda Man Sinx bir necha yuz rajput yigitlari bilan tepalikni otliq aylanib o‘tishga ulgurdi. Qurshovda qolayotganini sezgan Muzaffar Husayn mirzo qo‘riqchi yigitlari bilan tepadan pastga otildi, ammo qurshovni yorib o‘tguncha bo‘lmay, Man Sinx unga uzoqdan nayza otib, otdan yiqitdi. Nayza Mu¬zaffar Husaynning po‘lat sovutini kesib o‘tolmagan bo‘lsa ham, o‘ng ko‘kragini yaralagan edi. Man Sinx¬ning yigitlari uning qo‘lini bog‘lab, Akbarning oldiga olib ketdilar.
Muzaffar Husayn mirzoning otdan yiqilgani va asir tushgani yashin tezligida yov qo‘shinlari orasida ovoza bo‘ldi. Muzaffarshoh ehtiyotkorlik qilib orqaroqda turgan edi, darhol o‘zining odamlarini ayirib olib, Patan tomonga qochdi. Sharafiddin mirzo ham uning ketidan tiraqaylab qochishga tushdi.
Jang tugagandan so‘ng daryo bo‘yidagi sersoya amalbed daraxtlarining tagida Akbar uchun gilam va zarbof ko‘rpachalar to‘shab, shohnishin qilindi. Uning chap yonida Abdulfazl va roja Birbal o‘ltirgan paytda qirq besh yoshlardagi barvasta, shertaxlit Muzaffar Husayn mirzoni olib keldilar. Birbal uni tutgan odamlarga tahsin aytgisi kelib, soqchi yigitdan:
— Amirzodani kim tutdi? — deb so‘radi.
Man Sinx orqaroqda kamtarona bosh egib, jim turibdi. Qo‘li bog‘log‘liq Muzaffar Husayn mirzo shu hind yigitiga asir tushganini aytishdan or qildi she¬killi:
— Meni tuz tutdi! — dedi va tiz cho‘kib Akbarga murojaat qildi: — Hazratim, biz Shayboniyxon davrida Hurosondan quvildik, darbadar bo‘lib yurganimizda jannatmakon Bobur bobongiz bizni Hindga chaqirdilar, «sizlar ham temuriylardansiz, sulton suyagini xor qilmas» deb, boshpana berdilar, ulufa-yu jogir ajratdilar. Biz buni unutmasligimiz kerak edi. Lekin xom sut emgan banda ekanmiz, Muzaf¬farshohning qutqusiga uchib, ko‘rnamaklik qildik. Boshim egik, afvu so‘raymen! Agar qonimdan kechsangiz, minba’d to o‘lguncha sadoqat saqlagaymen!
Bu gaplar Akbarni ancha yumshatdi. Uning buyrug‘i bilan Muzaffar Husaynning qo‘lini yechdilar va podshoning chap yoniga — Birbaldan pastroqqa o‘tkazdilar. Akbar uning lablari quruqshab turganini ko‘rdi-yu, sharbat so‘radi. Oltin jomda keltirilgan norinj sharbatidan avval o‘zi ichdi-da, keyin Muzaffar Husaynga berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:23:39
Bhagvan Das va Man Sinxlar Akbarning bu ishidan norozi bo‘lib qovoq solib turar edilar. Sarnaldagi jangda mana shu mirzoning dastidan halok bo‘lgan Bhupat — Akbarning qaynisi edi-ku! Nahotki uning qotili shunchalik iltifotga loyiq bo‘lsa? Akbar qaynog‘asining ko‘nglidan o‘tayotgan bu gapni sezganday bo‘lib, Bhagvan Das bilan Man Sinxni o‘zi¬ning o‘ng yoniga taklif qildi.
— Sizni tuz tutgani rost, Mirzo janoblari, — deb Akbar Muzaffar Husaynga so‘z qotdi: — Siz menga qanday qarindosh bo‘lsangiz, roja Bhagvan Das ham hozir shunday qarindoshdir. Lekin qarindoshlar ham har xil bo‘larkan. Siz kabi mirzolar, temuriylar xona¬donidan chiqib, umr bo‘yi shu xonadonga isnod-u ofat keltirib yashamoqdasiz. Ammo roja Bhagvan Das g‘ayridin bo‘lsa ham shu xonadonga sizlardan yuz barobar sodiqroq xizmat qilmoqda. Siz menga qarshi tajovuz qilganingizda roja Bhagvan Das bizni shu tajovuzdan himoya qila turib, suyukli o‘g‘lini qurbon berdi. o‘n yetti yoshli Bhupatning qoni sizning bo‘yningizdadir, janob Mirzo! Har ikki tomon ham qarindoshlarim bo‘lgani uchun, men adolatni himoya, qilmoqchimen. O‘tgan gal Muzaffarshoh bosh egib sadoqat izhor qilganda unga amniyat berib pand yedik. Bugun ham o‘sha Muzaffarshoh qancha odamlarimizning qonini to‘kib, yana qochib, qutulib ketdi. Endi bu xatoni takrorlashga haqqimiz yo‘q. Maharoja, — deb Akbar Bhagvan Dasga yuzlandi: — Muzaffar Husayn mirzoni sizning ixtiyoringizga topshirgaymiz. Neki qilsangiz biz rozimiz!
O‘lim xavfidan qalt-qalt titrayotgan Muzaffar Husayn mirzoni Bhagvan Dasning ikkita yigiti qo‘lidan tutib olib ketdi. Bhagvan Das uni o‘rmon ichiga olib kirib chuqur qazdirdi-da, o‘sha yerda boshini kestirdi.
Otasi Bayramxonday dovyurak jangchi bo‘lib yetishgan Abdurahim bugun g‘ulda shijoat bilan jang qilganini Akbar ko‘rgan va shimolga qochgan Sharafiddin mirzoni tirik tutib kelishni unga buyurgan edi. Ikki yuz navkar bilan quvg‘inchi bo‘lib ketgan Abdurahim kun oqqanda qo‘li bog‘loqlik Sharafiddin mirzoni oldiga solib haydab keldi. Akbar Abdurahimni tarbiyalab, otasi darajasiga yetkazishni ko‘pdan beri ko‘ngliga tugib yurardi. Bugun uning jasoratiga tan bergandan so‘ng:
— Vazir Jamil! — dedi, — maxsus farmon yozdi¬ring, Abdurahimga xoni xonon unvoni berilsin! Rah¬matli Bayramxonning qancha ulufasi, qanday imti¬yoz¬lari bo‘lsa, hammasi Abdurahim uchun tayin etilsin!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:23:51
Shundan so‘ng Akbar Sharafiddin mirzoni qar¬shisiga tikka qilib qo‘yib:
— Bir vaqtlar sizga ham katta inoyatlar qilingan edi, — dedi. — Hammasini unutib, xiyonat yo‘liga o‘tganingiz uchun, mana axiyri shu ahvolga tushdingiz. Axir siz Xo‘ja Ahrori Vali avlodidanmen, deb maqtanar edingiz-ku! Ahroriy degan taxallusingiz bor edi. Nechun siz Po‘lat vasvasning ilki bilan bizga qarshi o‘q ottirdingiz! O‘zingiz podsho bo‘lgingiz kelganmidi, a?!
— Hazratim, boshqa gunohlarim ko‘p. Ammo Po‘lat vasvasning suiqasdidan faqir mutlaqo bexabar edim. Bu vasvas termizlik Said Abulmalining odami edi!
— Abulmali Kobulda allaqachon yasoqqa yetdi. Endi navbat sizniki. Janobi mirg‘azab, o‘z xiyonatlari bilan butun ajdodlariga isnod keltirgan bu kimsa quturgan filning oyog‘i tagiga tashlansin!
Ilonning yog‘ini yalagan Sharafiddin mirzoning mahovatlikdan ham xabari bor edi, fillarga yoqadigan so‘zlarni bilar edi. U soqchilarning o‘zaro gapidan jazo uchun ajratilgan filning nomi Suman ekanini eshitib qoldi. Qo‘li orqasiga bog‘langan holda pastakkina taxta orqasida tiz cho‘kib o‘ltirganda mast fil bo‘kirib kelib uni oyog‘i bilan taxta ustiga bosib, yanchib tashlashi kerak edi. Lekin fil yaqinlashayotganda Sharafiddin mirzo ota-bobolaridan meros qolgan jozibali tovush bilan shivirlab:
— Suman, shafqat qil! Suman! Suman! Jonim! Suman! — deb xudoga iltijo qilganday filga sajda qilib yalina boshladi. Ziyrak jonivor bo‘lgan fil o‘z otini shunday ta’sirli bir tarzda aytib, bosh eggan odamni bosib o‘ldirgisi kelmay bir na’ra tortdi-yu, orqaga qaytdi. Filbon uni qaytarib kelib, yana bosishni buyurdi. Lekin Sharafiddin mirzo bor kuchini ko‘zla¬riga to‘plab, chumchuqni avragan ilonday filning ko‘zlariga tikilib yana sajda qildi va yalina boshladi. Fil yana uni bosgisi kelmay bo‘kirib orqaga qaytdi. Bu hol uch marta takrorlangach, Akbar Sharafiddin mirzoning qonidan kechdi-yu, uni mamlakatning sharqiy chek¬kasidagi Bangolaga surgun qildi. Sharafiddin mirzo o‘sha joyda ham ko‘p buzg‘unchiliklar qildi, bachcha¬bozlikka o‘rgandi. Oxirida Mahmud degan bachchasi ovqatiga zahar qo‘shib berib o‘ldirdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 06 Fevral 2010, 15:24:03
Asir olingan mirzolardan biri — o‘n sakkiz yoshli ko‘hlik yigit mas’ud Husayn edi. U Multonda qo‘lga tushgan, qochib ketmasligi uchun jarroh uni vaqtincha ko‘r qilib, ko‘zining jiyaklarini maxsus ip bilan tikib qo‘ygan edi. Uni shu holda Akbarning oldiga haydab keldilar.
mas’ud mirzoning shertaxlit gavdasi Akbarga Behzod chizgan suratdagi Husayn Boyqaroni eslatdi. Lekin u ancha vaqtdan beri ko‘zi tikilgan holda yurib, ko‘r-basirlarday ayanchli ahvolga tushgan. Akbarga yuzini qiya tutib, osmonga qaragan holda:
— Hazrati oliylari,  qatl ettirsangiz ham mayli, faqat ko‘zimni ochdiring! — dedi. — Dunyoni so‘nggi marta ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay!
— mas’ud mirzo, oldin bir savolga javob bering. Siz og‘alaringiz yonida bizga adovat ruhida ish tutib, biron xulosaga keldingizmi?
— Hazratim, biz yomonlik qildik. Yomonlik — bu quturgan it ekan. ma’lumki, it qutursa egasini qopgay. Yomonlik ham axiyri bir kun o‘z egasining boshiga yetarkan! Og‘alarim shu sababdan halok bo‘ldilar. Agar menga imkon bersangiz, yaxshilik o‘z egasiga sharaf keltirishini baholi qudrat  isbot etishga intilgan bo‘lardim.
— Mayli, biz sizga shu imkonni berib ko‘raylik!
Akbarning buyrug‘i bilan mas’ud Husayn mirzo¬ning ko‘zidan tikish olib tashlandi. U ma’lum muddat davolanib, ko‘zini tuzatgach, Akbar uni Panjobga, Husaynqulixon ixtiyoriga ishga yubordi.

____________
* T o‘ q s o n   m i l — 144 kilometr. Hind tarixchilarining yozishlaricha, Akbardan oldin o‘tgan sarkardalardan hech biri Sekri bilan Gujarat oralig‘idagi bu masofani shunday katta tezlikda bosib o‘tmagan ekan.
* R o h v o r — yo‘l tanuvchi, yo‘l boshlovchi deganidir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:01:09
*  *  *

Gujaratdagi g‘alaba sharafiga Fathobodda yetmish gaz yuksaklikdagi mashhur baland Darvoza qurila boshlandi. Akbarning Sarnalda va Sabarmati daryosi bo‘yida ko‘rsatgan shaxsiy jasorati, qirq kunlik yo‘lni to‘qqiz kunda bosib o‘tganlari og‘izdan og‘izga o‘tib, uni yengilmas botir deb ishonadiganlar ko‘paydi. Shoir Fayoziy Akbarning Gujarat jangidagi jasoratiga katta bir she’riy doston bag‘ishladi. Akbar bilan birga jangda qatnashgan bek-u navkarlar uning zirhli ki¬yimiga tegib sirpanib ketgan o‘qlarni ko‘rgan edilar. Ular «bosh sarkardamizga duo ketgan ekan, uni o‘q olmagay!» deyishib, Akbarni nazarkarda darajasiga ko‘¬tardilar.
G‘alabadan so‘ng ziyofatlar, ichkilik bazmlari ko‘p bo‘ldi. Bir kun Akbar Man Sinx bilan may ichib o‘ltirganlarida rajputcha qilichbozlik  haqida gap ketdi. Abulfazl bilan Birbal ham davrada bor edi.
Man Sinx rajputlarning yoshlikdan qilich o‘ynab o‘sishlari, hatto qilichni suyukli yorga qiyos qilib ashula aytishlarini so‘zlab berdi. ba’zi chapdast rajput yigit¬lari qilichning sopini devorning yorig‘iga qistirib, tig‘ini ko‘kragiga to‘g‘rilaydi-da, chopib borib o‘zini qilichga uradi. Lekin uzoq mashqlar davomida qilichni badaniga emas egnidagi kiyimining qo‘ltig‘iga shunday aniq sanchadiki, qilichning uchi biqini ortidan ki¬yimni teshib chiqadi, ammo bu uning ko‘kragini teshib chiqqanday ko‘rinadi. Akbar buning qanday qilinishini ko‘rgisi keldi. Man Sinx yigitlaridan birini chaqirib, shu o‘yinni namoyish qildirdi. Kayfi baland Akbar:
— Buni men ham qila olgaymen! — deb belidagi oltin qilichini sug‘urdi-da, rajput yigitiga berdi: — Obor, devorga mahkam o‘rnat!
Man Sinx Akbarni bu niyatidan qaytarmoqchi bo‘ldi. Lekin Akbar uni urishib berdi:
— Sen kimsen o‘zing?! Qilich o‘ynashni faqat rajputlar bilurmi?.. biz-chi?
Akbar o‘rnidan turganda kayfning zo‘ridan gavdasi chayqalib ketdi. Sopi devorga mahkam qistirilgan oltin qilich Akbarning ko‘kragiga to‘g‘rilangan holda nayzaday tahdidli yiltirab turibdi.
Man Sinx maydan bo‘shagan oltin ko‘zachani qo‘lida tutgan holda Akbarning oldini to‘sdi:
— Hazratim, kayf borida bu o‘yin juda xatarli!
— Nari tur! — deb Akbar uni itarib tashladi. Hozir u o‘zining qilich kesmaydigan, o‘q o‘tmaydigan nazarkarda botir ekaniga tamoman ishonmoqda edi. Akbar gandiraklab borib chap ko‘kragini qilichga to‘g‘rilaganicha unga tomon tashlandi. Qilich uning chap ko‘kragiga sanchiladigan paytda Man Sinx qilichni qo‘lidagi may ko‘zachasi bilan urib tushirdi. Sopi devordan sug‘urilib, yerga uchib tushgan qilich¬ning bir joyi Akbarning bosh barmog‘ini, yana bir joyi Man Sinxning ko‘rsatkich barmog‘ini kesib ketdi. Qaynisining ishi mast Akbarga odobsizlik bo‘lib ko‘rindi. U g‘azab bilan Man Sinxni yerga yiqitib ura boshladi. Lekin Abulfazl bilan roja Birbal yugurib kelib, Man Sinxni undan ajratib oldilar, Akbarni ming tavallolar bilan xobgohiga olib borib yotqizdilar.
Ertasi kuni Akbarning kayfi tarqaganda Abulfazl bilan roja Birbalni xirgohiga chaqirdi va bog‘lab qo‘yilgan bosh barmog‘ini ko‘rsatdi:
— Ne hodisa bo‘ldi?
— Nahotki yodingizda bo‘lmasa, hazratim? — dedi Abulfazl va bo‘lgan voqealarni bir-bir aytib berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:01:27
Qilgan ishlari Akbarning esida yo‘q. Faqat qilichni qinidan sug‘urgani g‘ira-shira yodiga tushdi.
— Rostdan shunday bo‘ldimi? — deb Birbaldan so‘radi.
Birbal «Gita» degan muqaddas kitobni qo‘liga olib, qasam ichdi-da:
— Bir o‘limdan qolganingiz chin! — dedi.
Akbar bo‘lgan hodisadan endi dahshatda keldi. Shuncha qonli janglardan omon chiqqan odam arzi¬magan bir qilich o‘yinida o‘lib ketsa... Qanchalik sharmandali ish bo‘lar edi! Boshqalar uning mastlikdagi g‘azabidan qo‘rqib churq etolmaganda, sherday dadil ish qilgan Man Sinx haqiqiy jasorat ko‘rsatibdi.
Yana uni bu yaxshiligi uchun yerga ag‘anatib urganidan Akbar juda o‘sal bo‘ldi.
— Kechagi bazmda bor bek-u mulozimlarni devoniomga chorlang! — deb buyurdi amir Jamilga.
Ko‘pchilik qatori devoniomga kelgan Man Sinx Akbar tomonga qaray olmay, xijolat bilan boshini solintirib o‘ltirar edi. Akbarning rangi o‘chgan, qovo¬g‘i shishgan, ovozi shamollagan odamnikiday do‘ril¬lab chiqdi:
— Janobi davlatxohlar, g‘alaba sharafiga qilgan bazmimizning oxiri qanday dilsiyohlik bilan tugaganidan xabarlaringiz bor. Biz ham osiy banda ekanmizki, shu darajada mast bo‘libmiz. Meni «qilich kesmaydigan botir» deb maqtaganlari yolg‘on ekaniga, mana dalil! — Akbar bog‘lab qo‘yilgan bosh barmog‘ini ko‘rsatdi. — Xudo rahmati ustozim Salim ota: «Suv balosidan, o‘t balosidan, shuhrat balosidan asrasin!» degan edilar. Kechasi biz shuhrat balosining qurboni bo‘lishimizga sal qolibdir. Dehlida tashqi dushman bizga qanday suiqasd qilgan bo‘lsa, kecha shuhratdan hovliqib mast bo‘lishim o‘z ichimdan chiqib, ana shunday suiqasd qilmishdir. Xayriyatki, roja Man Sinx meni bu ikkinchi suiqasddan qutqarib qolibdir. Maharoja, — deb Akbar Man Sinxga yuzlandi, — eng sodiq do‘st qanday bo‘lishini siz kecha amalda ko‘rsatibsiz. Mendan o‘tgan bo‘lsa ma’zur tuting!
Man Sinx o‘rnidan turib qo‘l qovushtirdi:
— Uzringiz menga sari toj bo‘lsin, hazratim!
Akbar unga oltin bezakli sarupo kiydirdi, sehazoralik mansabidan panjhazoralik* martabasiga ko‘tardi, o‘ziga maxsus bayroq va naqora taqdim qildi.
So‘ng u o‘zining ikki yonida qo‘r tortib o‘ltirgan ko‘kaldoshlari Aziz bilan Zayniddinga, musohiblari roja Birbal va Abulfazlga, qaynog‘asi Bhagvan Dasga bir-bir qarab oldi-da, so‘zini yakunladi:
— Hali bizning tashqi g‘animlarimiz ham, ichki dushmanlarimiz ham ko‘p. Qiladigan mushkul ishlarimiz behisob. Dilim sezib turibdir: bizga qarshi har xil suiqasdlar yana ko‘p bo‘lg‘ay. Agar biz bir-biri¬mizga roja Man Sinh kabi fidoyilik qilmasak, maqsadga yetolmagaymiz!
Abulfazl Man Sinxning kechagi ahvolini esladi-yu, Akbarga fidoyilik qilish qanchalik qiyin ekanini xayo¬lidan o‘tkazdi. «Podsho bilan sherga yaqin bo‘lish hamisha xatarlidir», degan hikmatli gap bejiz aytilmaganini u endi astoydil sezmoqda edi.

_____________
* S e h a z o r a — uch mingboshi. Panjhazora — besh mingboshi, ya’ni armiya generali darajasidagi sarkarda.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:02:34
F A T H P U R,  B H I R A
MA'NAVIY ZILZILA

Sekri tepaligi ustiga qizil toshdan muhtasham qilib qurilayotgan yangi poytaxt o‘n yilning nari-berisida uzoqlardan ko‘zga tashlanadigan ulkan qal’a tusini oldi. Qal’a atrofiga sipohilar, do‘kondorlar, kosib-u hunarmand va boshqa turli xil kasb egalari ming-minglab uy-joylar qurdilar. Bog‘lar, daraxtzorlar, hovlilar, ko‘cha va xiyobonlar ko‘paydi. Sekridan Agra¬gacha bo‘lgan o‘ttiz besh millik yo‘lning ikki cheti kela-kelguncha serodam manzillarga, rasta va do‘konlarga to‘lib ketdi.
Dastlabki yillarda rasmiy doiralar Sekridagi yangi poytaxtni Fathobod deb atagan bo‘lsalar ham, lekin uni qurgan oddiy odamlar «Fahtpur», ya’ni «G‘alaba shahri» degan qisqa nomga tezroq o‘rgandilar. Bora-bora ko‘pchilik aholi ham, davlat arboblari ham Fathpur deydigan bo‘ldilar. Yangi poytaxt butun mamlakatga shu nom bilan tanildi.
Hamida begim uchun Fathpurning janubida katta bog‘ hovli qurildi. Bu yil ellik olti yoshga qadam qo‘ygan Hamida begimning hozir oltita nevarasi bor. Ularning kattasi Salim to‘qqizga kirdi, Murod sakkiz yashar. Bular ikkovi otalari bilan harbiy yurishlarga va uzoq safarlarga birga ketadigan bo‘lgan. Akbar mut’a nikohi bilan uylangan keyingi xotinlaridan Shamshod bibi unga yana bir o‘g‘il tug‘ib berdi. Gujarat yurishi paytida tug‘ilgan va hozir olti yoshga kirgan bu uchin¬chi o‘g‘ilga Doniyol deb ot qo‘ydilar. Otasi unga ham alohida ko‘shk solib bergan, bek atka va murabbiylar tayin etgan. O‘g‘il nevaralaridan tashqari, Ha¬mida begimning shahzoda xonim, shukriniso begim, Orom bonu degan uchta jajji qiz nevarasi ham bor. Ularning har qaysisi bilan haftada bir kun birga bo‘lsa ham bahri dili ochilib, vaqtning qanday o‘tganini sez¬maydi.
Saroy ahli-ku, Hamida begimning nomini toq aytmaydi, afsonaviy Bibi Maryamga qiyoslab «Maryami Makon» deb ulug‘laydi.
Lekin yigirma yildan beri bevalikda o‘tayotgan umr ham unga o‘z tikanlarini sanchib turadi. Kunduzi bi¬linmaydigan yolg‘izlik kechasi to‘shakda o‘zini ko‘rsatadi. Ellik yoshning nari-berisida ayollarda bo‘ladigan o‘zgarishlar uni ko‘p diqqinafas qiladi, goho yuragi tapir-tupur urib, badanini sovuq ter bosadi-yu, oyoqlari, aksincha, cho‘g‘day qizib ketadi. Sal narsadan xavotiri oshib, dilini vahm bosadigan paytlar ko‘p bo‘ladi.
Uning eng ko‘p xavotirliklari — mudom o‘zini o‘tga-suvga uradigan Akbar tufayli. Begim hatto o‘g‘¬lini haddan ortiq maqtab, ko‘kka ko‘tarishlaridan ham cho‘chiydi, chunki shuhratdan mast bo‘lgan Akbar rajputcha qilichbozlik qilmoqchi bo‘lib, o‘zini o‘zi o‘ldirishiga sal qolganini begim odamlardan eshitgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:02:54
Gujaratdan so‘ng sharqdagi Bixarga yurish qilindi. Akbar ikki yuzdan ortiq daryo kemasi qurdirgan edi. Asosiy qo‘shin qirg‘oq bo‘ylab ketdi-yu, Akbarning o‘zi eng yaqin mulozimlari, onasi va xotin-bolalari bilan bir oy kemalarda suzib bordi.
Jamna va Ganga bo‘ylab qilingan bu daryo safarini Hamida begim umrining eng mas’ud xotiralari kabi qayta-qayta eslab yuradi. U kelinlari va nevaralari bilan tushgan kema sahnida tuproq solib o‘stirilgan jajji gulzor bor edi. Qafaslarda bolalar yaxshi ko‘radigan qushlar ham daryo bo‘ylab suzib borardi. Ikki yuz kema ulkan bir karvonga aylanib, besh-olti mil maso¬faga marjonday tizilgan edi. Dushman chegarasi hali uzoq, har ikki qirg‘oqda ham o‘z odamlari, ko‘kalamzor qir-adirlar va obihayotga to‘ygan ekinzorlar.
«Ahli murod» deb ataladigan maxsus kemada Tansen boshliq xushovoz xonandalarning ovozi yang¬raydi. Tun qorong‘isida mash’alalar yorug‘i daryo mavj¬larida behad ko‘payib ko‘rinadi, kuylar va qo‘shiqlar afsonaviy bir sehr bilan karvonga qo‘shilib oqib boradi.
Ikki hafta shu tarzda yo‘l yurib, Ollohobod shahriga yetdilar. Bu yerda Jamna Gangaga borib quyiladigan g‘alati joy bor. Jamna suvi qoramtir, Ganga esa oqish, ikklasi qo‘shilgandan keyin ancha joygacha olachalpoq bo‘lib oqadi-da, keyin kulrang tusga kiradi. Qirg‘oqlar behad kengayib, daryo avvalgidan besh-olti barobar ulkanlashib ketadi.
Hind rivoyatlarida bayon qilinishicha, Olloho¬bod¬da Ganga va Jamnaga yer ostidan uchinchi bir daryo— Sarasvati ham kelib qo‘shilarkan.
— Sarasvati aslida pokiza bir ma’buda bo‘lgan, — deb hikoya qilgan edi Jodha Bay qaynonasiga. — U Himolay degan tangrining qizi ekan, taqdirida Ganga bilan qo‘shilish bor ekan. Sarasvati ilgari Gangaga yetguncha yer yuzidan oqib kelarkan. Lekin dunyoda nopoklik ko‘payib ketibdir. Sarasvati Gangaga pok yetib kelish uchun yer tagiga tushib oqibdir. Mana shu Ollohobodda yana yuzaga chiqib, sevgilisiga qo‘shilibdir. Shuning uchun bu daryolarning qo‘shilgan joyi muqaddas ziyoratgoh hisoblangay.
Chindan ham, ikki ulug‘ daryo qo‘shilgan joyda odam benihoya ko‘p. Aytishlaricha, ular Hindis¬ton¬ning turli viloyatlaridan piyoda kelishgan, chunki shu muqaddas daryolar qo‘shilgan joyda bir marta cho‘milib ketsalar, butun gunohlaridan poklanishlariga ishonishadi.
— Qaniydi shu rivoyat rost bo‘lsa! — deb Hamida begim ham kemaning bir chetida ayollar uchun qilingan parda ichiga kirib, Ganga suviga qayta-qayta sho‘ng‘ib chiqqan edi. Hozir buni eslasa dilida eng pok va yorug‘ tuyg‘ular uyg‘onadi.
Lekin Ollohoboddan narida yana Hamida begim¬ning tahlikalari boshlandi. Chunki Akbarga qarshi urushmoqchi bo‘lgan afg‘on sarkardasi Dovudxonning yuz ming askari, besh ming harbiy fili bor edi. Afg‘onlar uni «bugungi Sherxon» deb ulug‘lar edilar. Akbar onasi va xotin-bolalarini jang maydonidan uzoq bo‘lgan Jaunpurga yubordi. O‘zi esa Hojipurdagi Dovud¬xonga maktub yo‘lladi. «Ikkovimizning ikki yuz ming askarimiz urushadigan bo‘lsa behad ko‘p qon to‘kilgay, — deb yozilgan edi Akbarning Dovudxonga yuborgan maktubida. — Undan ko‘ra o‘zimiz yakkama-yakka olishganimiz afzal emasmi? Siz ham Hindistonda tug‘ilib o‘sgansiz, fil jangini yaxshi bilursiz. Men ham bitta filga minib maydonga chiqay, el-ulusning ko‘zi oldida ikkalamiz jang qilaylik. Kim g‘olib chiqsa, Bixar-u Bangola o‘shaniki bo‘lsin».
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:03:34
Dovudxon yakkama-yakka jang qilishga jur’at etmaganini eshitib Hamida begim ancha yengil tortdi. Chunki Akbar Hind ummonida portugallarning zo‘r kemalarini ko‘rganda quvvai bahriyaning* ahamiyati qanchalik katta ekanini sezgan, o‘zining ikki yuz ke¬ma-dan iborat daryo flotini shundan keyin qurdirgan. Hali bunday flot Dovudxonda yo‘q. Bir kun kemada turib jangni boshqargan Akbar ikkinchi kuni saman oti Rohvorga minib, quruqlikdan hujum qilayotgan jang¬chilari orasida paydo bo‘ldi. Jangchilar uni bir-birlariga ko‘rsatishib, «ana, hazratim jangga kirdilar!», «oq ot¬da o‘tdilar», deya boshlashdi. Uni kemada ko‘rganlar esa, «hazratim hali ham bizning oramizda» deyi-shardi.
Akbarning jilovida go‘yo Xo‘jai Hizr yurishini, shuning uchun u hali birorta jangda yengilmaganini yuzboshi va mingboshilar o‘z qo‘l ostidagi askarlar qulog‘iga ataylab quyar edilar. Bu gaplar safdan safga o‘tib, ko‘pchilik orasida tarqagandan keyin, navkarlar Akbarning o‘zini ko‘rib qolsalar: «Endi albatta yenggaymiz!» deyishib, har biri o‘nta yovga bas keladigan shijoat va jazava bilan jang qilar edi. Akbarning o‘zi¬dan ham ko‘ra nomi katta kuchga aylanganini Do¬vud¬xon ham sezdi, u ham quruqlikdan, ham daryo ichidan qilingan ketma-ket hamlalarga bardosh berolmadi-yu, kechasi qal’ani tashlab, janubga qarab qochdi.
Sharqdagi g‘alaba uchun Akbar Gujaratdagiga nisbatan xiyla oz vaqt va kuch sarflaganiga qaramay uni «nazarkarda mahdiy!» deb entikib ulug‘laydiganlar paydo bo‘ldi.
Bu me’yorsiz maqtovlar hatto Maryami Makon — Hamida begimni ham hovliqtirar, begim yurib bora¬yot¬ganda goho oyog‘i yerga tegib-tegmayotganday bo‘¬lar, g‘ayritabiiy bir kuch uni osmonga uchirib chiqib ketadigandek tuyulardi. Lekin bu ulug‘lashlar Akbar¬ning boshini qanchalik aylantirib qo‘yishini, Guja¬ratdagi mastlik yana takrorlanishi mumkinligini o‘ylaganda begim darhol hushyor tortar va o‘g‘lidan xavotir ola boshlardi.
Odamlar Akbarni «dovyurak, botir» deb ta’riflaganlari sari u o‘zini yangi-yangi xatarlar girdobiga tashlar, ana shunisi begimni mudom xavotirga solardi.
Ovga borganda chita bilan kiyik tutishga qanoat qilsa bo‘ladi-ku. Yo‘q, shergir filga minib, yo‘lbars otishga chiqardi. Maxsus odamlar yo‘lbars yashaydigan o‘rmonni o‘rab olib, naqoralar, nafirlar shovqini bilan yirtqichni joyidan qo‘zg‘atadi va o‘rmon chetidagi yalanglikka chiqishga majbur qiladi. Bu yerda fil mingan Akbar yo‘lbarsga ro‘baro‘ bo‘ladi. Shergir fil xartumi va tishi bilan yo‘lbarsni urib yiqitishga intiladi. Bundan g‘azabi kelgan yo‘lbars goho yerdan turib filning boshi ustiga sakraydi. Agar fil ustida to‘fangni o‘qlab tayyor turgan ovchi yo‘lbarsni sakragan paytida boshidan otib yiqitolmasa-yu, faqat yarador qilsa, bu qudratli yirtqich filning ko‘ziga panja urib, tirnoqlarini botiradi. Ko‘zdan ayrilgan fil dovdirab qoladi. Bu orada yo‘lbars yana bir sakrab fil ustidagi ovchiga yetib boradi va uni tilka-pora qilib tashlaydi. Bunday hodi¬salarni Akbarning o‘zi ko‘rgan. Shunga qaramay, yana besh-olti oy o‘tgach, shergir filiga minadi-yu, yo‘lbars oviga jo‘naydi. Xavf-xatar bilan olishishga buncha ishqiboz bo‘lmasa nima qilarkin? Hamida begim o‘g‘lining chapdast merganligi uchun tangriga shukrlar qiladi. Keyingi o‘n yilda Akbar yettita yo‘lbarsni otib yiqitganidan xabardor ona:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:04:29
— Bo‘ldi, endi bas, jonivorlarga rahmingiz kelsin!— deb o‘g‘liga yalinadi.
Akbar «xo‘p» deb ko‘nganday bo‘ldi-yu, keyin o‘ttiz besh yoshida fil jangiga qatnashib, yana bir falokatdan zo‘rg‘a omon qoldi. Hamida begim o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bu hodisani har eslaganda eti bir junjikadi.
Buxorodan kelgan Abdullaxon elchilari fil jangini tomosha qilishga havasmand ekan. Akbar Jamna bo‘yidagi o‘sha keng maydonda ikkita zo‘r filni mahavatlari bilan birga urishtiradi. Bir vaqtlar Bayram¬xonning filini yenggan mashhur Favjdorni jur’ati yo‘qroq mahavat mingan ekan. O‘rtadagi tuproq ko‘tarmadan nariga o‘tmay, juda lanj olishdi. Tomosha zerikarli bo‘layotgani uchun Akbar Buxoro elchilari oldida o‘ng‘aysizlandi. Otashdorni chaqirtirib, «Favj¬dorning mahavatiga aytinglar, dadilroq jang qilsin!» deb buyurdi. Ammo buyruq ham kor qilmadi — mahavatlar o‘z jonlarini xatarga qo‘ygilari kelmayotgani sezilib turardi.
Shundan so‘ng Akbar elchilarning oldida roja Birbalni qoldiradi-da, o‘zi fillar jang qilayotgan maydonga tushib bordi. Uning ishorasi bilan otashdorlar yonib turgan olovni ikki fil orasiga ko‘tarib kirib, olishuvni to‘xtatdilar. Favjdor mahavati bilan Akbar turgan joyga chaqirtirildi. Har ikki filga mast qiladigan shirin ichimlik berildi. Shundan keyin Favjdorga Akbarning o‘zi mindi. Kayfi oshgan fillar endi o‘lar-qolariga qramay jang qila boshladi. Ikki oradagi tuproq ko‘tarma birpasda payhon bo‘lib yerga qorishib ketdi. Akbar Favjdorni ankush bilan xillalab, raqib filning yonboshiga o‘tkazdirdi. Biqinidan berilgan zarba qarshi tomonni qattiq silkitib, mahavatni yerga yiqitishi kerak edi. Lekin raqib fil Akbar o‘ylaganidan zo‘rroq ekanmi, zarbaga bardosh berdi, mahavati ham filning quloqlari ostiga tizzasini tiqib yiqilmay qoldi.
Akbar fillarning ikki yuz yil umr ko‘rishini bilar, ulardagi yigitlik qudrati yetmish-sakson yoshgacha saqlanib qoladi deb o‘ylardi. Bayramxonning fili Zo‘ravor bilan Favjdor olishganiga o‘n sakkiz yil bo‘ldi. Nahotki shu yillar ichida Favjdor kuchdan qolgan bo‘lsa? Akbar uning zarbasi avvalgiday emasligini endi sezdi. Damudor deb ataladigan qarshidagi filning ayni kuchga to‘lgan davri ekan, orqadan shunday qattiq zarba berdiki, Favjdorning old oyoqlari bukilib, cho‘kkalab qoldi. Akbar uning boshi osha yerga qulab tushadiganday bo‘ldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:16:10
Odamlar: «Vah!» deb yubordilar. Ayollar qatorida jangni tomosha qilayotgan Hamida begim dod solib yubormaslik uchun og‘zini kafti bilan bekitdi, lekin o‘rnidan turib ketganini o‘zi bilmadi.
Bu orada Akbar o‘zini xiyol o‘nglab, Favjdorni bir amallab tikka turg‘azdi. Damudorni boshqarayotgan mahavat podsho oilasidan baloga qolmaslik uchun ikkinchi zarbadan filini tutib qoldi. Akbar Favjdorni orqaga burib yana hamlaga o‘tdi. Lekin shu orada jang vaqti tugadi-yu, olishuv durang deb e’lon qilindi. Rangi xiyol o‘chgan Akbar hansirab elchilar oldiga qaytib keldi. Jang manzarasidan hayajonga tushgan elchilar Akbarning oldida ta’zim qilishib:
— Dovyurakligingizga tan berdik, hazratim! — deyishdi.
Kechqurun Akbar onasidan xabar olishga borganda Hamida begim ko‘ziga yosh olib dardini aytdi:
— Shoh o‘g‘lim, nahotki elchilarning ikki og‘iz tahsini uchun o‘z joningizni shunchalik xatarga qo‘ysangiz? Tavakkalchilik ham evi bilan-da, axir. Shu qadar o‘ylamay ish qilish to‘g‘rimi, aylanay bolam?!
— Men bu ishni o‘ylab qildim, onajon. Abdullaxon biz bilan bellashmoqchi emish, Kobul-u Badaxshonni tortib olmoqchi emish. Elchilari o‘z ko‘z bilan ko‘rgan olishuvni borib xonga aytib bersinlar. Men bilan olishuv qanaqa bo‘lishini xon ko‘z oldiga keltir¬sin. Ehtimol, bugungi fil jangi Abdullaxon bilan bo‘la¬digan qonli urushning oldini olishga yordam bersa! Men ana shu maqsadda maydonga tushdim.
— Lekin siz maydondan omon chiqquningizgacha men o‘lib bo‘ldim! Bizni ham o‘ylang-da, jon bolam!
— Xo‘p, onajon! — deb Akbar minba’d jonini xatarga qo‘ymaslikka so‘z beradi. Lekin boshqa kutilmagan joydan yana onani bezovta qiladigan biron xatar chiqadi.
Akbarning dovyurakligi Abulfazl bilan Birbalga juda yoqadi. Ularning fikricha, Akbarning shuhrati va obro‘si davlat manfaatlariga xizmat qiladi. Agar uning shunday zo‘r obro‘si bo‘lmasa, qo‘l ostidagi odamlari Sekridagi yangi poytaxtni qisqa vaqt ichida bunyod qilishga yoki ikki yuzta daryo kemasini qurishga bu qadar jon-jahdlari bilan kirisharmidi?
Abulfazl bilan Birbal Akbarning shu ulkan obro‘sidan foydalanib, endi shayx Ansoriyning diniy istibdodini yo‘qotmoqchi bo‘ladi. Gujarat yurishidan oldin rejasi chizilgan e’tiqod uyi Bihardagi g‘alabadan keyin qurib bitirildi. Akbar ruhoniylarni munoza¬ralarga jalb qilish uchun binoni «Ibodatxona» deb atadi. Hamida begim bu ibodatxonani kirib ko‘rgan emas, ammo uni marhum Salim otaning maslakdoshi bo‘lgan Abdulla Niyoziyning hujrasi o‘rniga qurganlaridan mamnun.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:16:23
Abdulla Niyoziyning hujrasi evaziga Sekri o‘rmoni chetidan Akbar unga uy qurdirib, dehqonchilik uchun yer ham ajratgani onasiga juda ma’qul bo‘ldi. Chunki Abdulla Niyoziy ham Salim ota kabi adolatparvar odam ekanligini begim yaxshi biladi. Ibodatxonada Akbar imon-u e’tiqod munoza¬ralari o‘tkazganda Ansoriyga o‘xshagan tamagir din peshvolari shayx Muborak bilan Abdulla Niyoziyga bas kelolmasliklari aniq. Bianadagi xalq harakatiga qatnashgan mahdiylar din-u millat ayirmas edilar. Akbar ularning shu bag‘ri kengligini ma’qul ko‘rib, ibdatxonadagi munozaralarga hind brahmanlarini ham, otashparastlar vakilini ham taklif qila boshladi. Abdulla Ansoriy va uning tarafdorlari chekka-chekkada pichirlashib: «Ibodatxona Bianadagi isyonchilar ilkiga o‘tdi, mahdiylar Akbarshohni ham dindan chi¬qa¬rishmoqda!» degan vahimali gaplar tarqatdilar.
Mahdiylar esa Akbarni «ming yilda bir keldaigan ulug‘ rahbar!» deb ko‘tar-ko‘tar qilishadi.
Selday yopirilib kelayotgan bu qarama-qarshi fikrlar ta’sirida Akbarning o‘zi ham g‘alati bo‘lib yuribdi. Keyingi paytda chog‘ir ichmaydi, go‘shtlik ovqat yemay¬di, hech kim bilan ochilib gaplashmaydi. Hozir  uzoq Bhira o‘rmonlariga ketgan. Yana fil minib, yo‘lbars oviga chiqmasa edi...
Hamida begim Bhiradan xabar kutib yurgan paytda Abulfazl kelib qoldi. Uning ma’yus qarashlari onani yana bezovta qildi:
— Akbarjon salomatmilar?
— Shukur... Lekin ozib ketdilar. Uyqulari yomon.
— Tabiblari bor edi-ku. Bhim Nadh o‘sha yer¬dami?
— Tabiblarni qabul qilmay qo‘yganlar. Kuni bilan o‘rmonda yolg‘iz yuradilar, tog‘ tepasida soatlab o‘y surib o‘ltiradilar. Yonlariga chaqirmaganlaridan so‘ng, biz borishga jur’at etolmagaymiz.
— Roja Birbal o‘sha yerdamilar?
— Ha, roja Birbal bilan ham ochilib so‘zlashmay qo‘ydilar. Poytaxtga qaytaylik, desak istamadilar.
— Ov bilan ko‘ngillari yozilar edi-ku.
— Biz ham shuni o‘ylib, ovga tayyorlik ko‘rdik. Shergir fillari taxt qilindi. Maxsus odamlar o‘rmon ichidagi yo‘lbarslarning atrofini o‘rab, ochiq joyga haydab chiqdi. Kiyik ovlaydigan chitalar ham qafasda buyruq kutib turgan edi. Birdan hazratim «jonivorlarga jabr qilib ne topdik!» dedilar-u yo‘lbarslarni o‘r¬monga qayta kiritib yuborishni buyurdilar. Qafasdagi chitalarni ham uzoqroqqa olib borib, qo‘yib yuborishga amr berdilar. Ovni man qilib maxsus farmon chiqardilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:16:38
— Yo‘lbars ovi man etilsa mening dilimdagi ish bo‘libdir, — dedi Hamida begim.
— Lekin boshqa bir xavotirlik paydo bo‘ldi, begim. Odamdan begonasiraydilar. Mudom, o‘zlari yolg‘iz. Musohaba-yu murokaba*. Hushlari joyida emasmi? Hech kimni qabul qilmay qo‘ydilar. Davlat ishlarini eslatsak, urishib beradilar. Podsho odamga bir narsa deb bo‘lmasa!... O‘ylab-o‘ylab, axiyri sizga maslahatga keldim. Hazratiimga faqat sizning haddingiz sig‘ib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmog‘ingiz mumkin...
— Akbar meni chorladimi?
— Yo‘q, bildirmay keldim. Bilsalar, ruxsat bermas edilar.
— Mavlono, siz bilan otangiz shayx Muborak ham Akbarni haddan ortiq ulug‘layverib shu ko‘yga soldilaringiz. Mana, oqibati!
— Osiy bandamiz, hazrat begim. Bizni afvu eting.
— Ammo kelganingiz yaxshi bo‘libdir. Men tezroq Bhiraga boray. Dilim sezgan edi-ya!..
Hamida begim o‘zining tungi betobliklarini ham unutdi, Fathpurdan otda o‘n kunlik yo‘l bo‘lgan uzoq Bhiraga shoshilinch jo‘nab ketdi.

Haruda degan hind lochini tog‘ tepasida turgan Akbarning yonginasidan uchib o‘tdi. Lochinning yelkasi to‘q qizg‘ish, qorni va bo‘yni oq. Sariq rangli panjasi bilan qora bir ilonni changallab olgan. Ilon yeydigan bu lochin o‘z ovini dumidan changallab osmonda chirpirak qilib uchiradi. Zaharli ilon tez uchishdan ko‘zi tinib, boshini ko‘tarib ololmaydi, lochinni chaqishga iloj topolmay qoladi. Haruda esa ilonni osmonning yuksak bir joyidan yerga tashlab yuborib o‘ldiradi.
Mana shu odati uchun hindlar Harudani muqaddas qush deb e’zozlashadi. Rivoyatlarga binoan, go‘zallik va zafar ma’budasi Lakshmi Harudaning qanotlari ustida o‘ltiradi. Ilgari Akbarning xayolida afsonani voqelikdan ajratib turadigan aniq chegara bor edi. Endi shu chegara yo‘qolgan, uni go‘yo sel olib ketgan. Shu sababli hozir yonidan uchib o‘tgan Haru¬daning qizg‘ish qanotlari ustida havo to‘lqiniga o‘x¬shash harir bir narsani ko‘rganday bo‘ldi-yu, «Laksh¬mi shu ekanmi?» deb o‘yladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:16:51
Kechalari uning tushiga to‘rt qo‘li, beshta yuzi bor Shiva kirib chiqadi. G‘azab bobida hech kim Shivaga bas kelolmaydi. Ikki ko‘zidan tashqari peshonasida uchinchi yashirin nigohi ham bor. Astoydil g‘azabi kelganda shu uchinchi ko‘zi birdan ochiladi-yu, olov sochadi. Shiva tikilib qaraganda odam yoki boshqa jonzot shu ko‘zning olovidan kuyib kul bo‘ladi. Shivaning yoqasi o‘rnida o‘ram-o‘ram ilonlar. Odam¬larning bosh suyaklarini ipga tizib, bo‘yniga marjon qilib taqib yuradi. Po‘lat gurzisining uchiga ham odamning bosh suyagi qoplangan. Chunki u gunohkor¬larga jazo beruvchidir.
Akbarning tasavvuridagi voqelik bilan g‘ayritabiiy va ilohiy narsalarning chegarasini buzib o‘tgan sel uni yerdan uzib olib osmonga chiqarib yuborgan ulug‘¬lashlarning oqibati ekanini hozir o‘zi ham sezmaydi. Faqat uni «dohiy!» «mahdiy!» deganlari sari o‘zini alanechuk yolg‘iz, hammadan uzilgan bekas odamday sezadi.
Uning ruhi bezovta, sababini go‘yo Jaloliddin Ru¬miy aytib ketgan: «Tanang — ot, ruhing — uning suvo¬risi. Shuni bilki, ot yemishi suvoriga oziq bo‘lmagay!»
Ilgari Akbar ko‘proq tanasini parvarishlar edi, endi bilsa nuqul otni boqib, suvorini och qoldirgan ekan. Hozir aksini qilib, yeyish-ichishdan o‘zini chekladi-yu, ma’naviy oziq beradigan ilm-u asrorga, so‘fiylar va hind donishmandlari ta’limotiga qayta-qayta sho‘n-g‘ib, o‘ziga kerakli ma’naviy gavharni izlashga tushdi.
Ruh, aql, qalb, ko‘ngil — bular tabiatdagi chor unsurga o‘xshaydi, insondagi butun ma’naviy dunyo shu to‘rtovidan tarkib topishini Akbar endi bilyapti. Arab, fors, hind, yunon — turfa tilli faylasuflar hammasi ruh bilan tananing, ko‘ngil bilan aqlning orasidagi ziddiyatlardan dod deb o‘tganlar. Akbarning o‘zi ham hozir shu ichki ziddiyatlardan qutulolmay azob tortib yuribdi. Orqaga o‘girilib qarasa, qancha zafarlarga erishgani, qancha katta davlat-u obro‘ga ega bo‘lgani uni qanoatga va mamnunlikka undaydi. Ammo diliga razm solsa, o‘zidan ham, atrofidagi ha¬yotdan ham ko‘ngli to‘lmaydi. Hali amalga oshmagan istak-orzulari behad ko‘p. Ularga qachon yetishadi?
Shunda go‘yo Abdulhamid G‘azzoliy degan faylasuf uni ogohlantiradi: «Ikki biqining orasidagi ko‘ngling — sening ashaddiy dushmaningdir».
Hind faylasuflari ham ko‘ngilni uning tashqi manbalaridan uzish kerakligini, hech kim yo‘q bir o‘rmonda o‘z qalbiga quloq solib, dildagi muqaddas tuyg‘ularga berilib yashashni maslahat beradilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:17:13
Akbar shu maqsadda Himolay tog‘i etaklaridagi o‘rmonzor Bhiraga kelib yashamoqda. Bu yerga u bilan birga kelgan besh yuzdan ortiq beg-u mulozimlar, qo‘riqchi va xizmatkorlar Bhiraning Bog‘i Safo¬sidagi ko‘l atroflariga chodir tikib olishgan. Bir vaqtlar Komron mirzo ko‘r qilingan Bog‘i Safoga Akbar o‘n yasharligida birinchi marta otasi bilan kelgan edi. Shundan beri o‘tgan o‘n yilliklar uni ne ko‘ylarga solmadi! Mana, hozir yoshi o‘ttiz sakkizga bordi, lekin hali ham o‘zini juda nokomil sezadi, xayolini yaxlit bir muqaddas tuyg‘u atrofiga yig‘a olmaydi. Uning istagi shuki, tanasi ruhiga so‘zsiz itoat etsa, yuragi nafsdan poklansa, u o‘zidan ham, olamdan ham mam¬¬nun va rizo bo‘lsa. So‘fiylar buni «oriflik» deydi, hind faqirlari «samadhi» deb  ataydi, lekin ikkovining mohiyatida ham komil insonlikka intilish bor.
Akbar tabiatdagi poklikni, go‘zallik va muvozanatni ko‘rib havasi keladi. Nega uning dilida tabiatdagi uyg‘unlik yo‘q? Bu savolga javoban yana Rumiyning xitobi eshitiladi:
«Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin diling!»
Akbar ko‘zi oldida turgan tabiatdan ham  ulug‘roq, undan ham abadiyroq mutlaq haqiqatni qalb ko‘zi bilan ko‘rishga va ruhini unga qo‘shib yuborishga intiladi. Lekin bunga hech muvaffaq bo‘lolmaydi.
Taqdir unga shuncha kuch-quvvatni, iste’dodni, qudratli davlatni nima uchun bergan?
Bu savolga Ajmirdan Akbar bir vaqtlar ziyoratga borgan Mu’yiniddin Cheshti maqbarasidan Bhiraga kelgan mo‘ysafid Murtazo Ahmadxon o‘zicha javob berdi. U she’rni kuyga o‘xshatib aytadigan xushovoz qavvollar bilan birga Akbarni ulug‘lab ashula aytdi, so‘ng Akbarning qarshisida tiz cho‘kib, unga sajda qila boshladi:
— Siz ming yilda bir keladigan dohiy! Dunyoda adolat o‘rnatish uchun Xudo tomonidan yuborilgan mahdiysiz!
Zo‘r e’tiqod va ishonch bilan aytilgan bu so‘zlar Akbarga shunday ta’sir qildiki, uning ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. U ko‘z yoshini artmasdan o‘rnidan turib ketdi-da, o‘rmonda ancha vaqt yolg‘iz aylanib yurdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:17:30
Balki murtazo Ahmadxon haqdir? Unga ayon bo‘lmasa kamoli ishonch va e’tiqod bilan shunday dermidi? Lekin Akbarning amaliy ishda aniq dalillarga tayanib o‘rgangan aqli bu gapga bovar qilmaydi.
Osmondan ham biron ishora bo‘lsa edi, Akbar o‘zining o‘jar aql-u idrokini so‘zsiz ishontirgan bo‘lardi. U yolg‘iz o‘zi tog‘ tepalariga chiqadi, uyqusiz tunlarda sham yorug‘ida o‘y surib o‘ltiradi. Tepadan biron gumburlash yoki hayqirish eshitilsa, «tangridan vahiy keldimikin?» deb, vujudini titroq bosadi, ruhida zilzila qo‘zg‘aladi. Lekin yaxshiroq quloq solsa, uzoqda yo momaqaldiroq gumburlagan yoki o‘rmonda yirtqichlar bo‘kirgan bo‘lib chiqadi.
Murtazo Ahmadxondan tashqari shayx Muborak ham Akbarning mahdiyligini isbot etishga harakat qilmoqda. Axir hijriy minginchi yil yaqinlashyapti. Shayx Muborak musulmon olamida Akbardan qudratliroq podsho yo‘q deb hisoblaydi. Uningcha, mahdiylikka munosib boshqa odam yo‘q. Shuning uchun shayx Muborak Akbarning tezroq mahdiy deb e’lon qili¬nishini, shu tarzda abdulla Ansoriy boshliq ruhoniylar hokimiyati yo‘qotilishini istaydi. Akbar mahdiy bo‘lganda kiyishi kerak bo‘lgan ulug‘vor samoviy ki¬yimlarga shayx Muborak buyurtmalar bergan.
Buni eshitgan Akbarning ruhi osmonga talpinadi, ammo tanasi hamon yerdan ko‘tarila olmaydi. Xayolida voqelik bilan ilohiyot bir-biriga qorishib ketgan paytlarda uch ko‘zli tangri Shiva Nandi nomli ho‘kiziga minib, qarshisidan o‘tganday bo‘ladi. Birdan xushyor tortib qarasa, Bog‘i Safoda yolg‘iz o‘ltirganini ko‘radi. Na Shiva bor, na Nandi. Shunda «aqldan ozmayapmanmikin?» degan o‘y etini junjiktirib o‘tadi.

_____________
* Q u v v a i  b a h r i ya — harbiy flot.
* M u s o h a b a — xudtahlil, o‘z-o‘zini kuzatib analiz qilish. Murokaba — o‘z-o‘zini cheklash, qanoatga o‘rganish.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:17:52
* * *

Kech kirib, o‘rmon daraxtlari Bog‘i Safodagi ko‘lga uzun-uzun soya tashlab turgan paytda Akbar xayol surib buloq bo‘yida o‘ltirgan edi. Sakkiz yigit Bog‘i Safoga ko‘tarib kirgan zarrin taxtiravon buloqdan pastroqda to‘xtadi. Kutilmaganda undan Hamida begim chiqib keldi. Akbar: «Bu ham ro‘yo bo‘lsa kerak!» deb cho‘chib o‘rnidan turdi:
— Siz?.. Hazrat onam?
— Ha, bu men, mungliq onangiz!..
— A... E... Sizni kim chorladi?
— Dilim chorladi!
Akbar onasidan ham begonasiragandek ancha berida to‘xtab turibdi. Hamida begim oradagi masofani dadil bosib o‘tdi-da, Akbarni bag‘riga bosib, yig‘lab yubordi:
— Akbarjon, onangiz sizga kerak bo‘lmaganda ko‘zingizga ko‘rinmay yo‘q bo‘lib ketgay! Ammo bo¬shingizga mushkulot tushganda yerning tagidan bo‘lsa ham yetib kelgaymen!
Ona bag‘rida Akbar bir lahza beg‘ubor bolalik davriga qaytganday bo‘ldi. Ko‘ngli yumshab:
— Xush kelibsiz! — dedi va onasini ikki oshiyonli ko‘shkka boshlab kirdi. Begim yo‘lda chanqagan edi. Akbar gulob chaqirdi.
— Suv kichikdan, avval o‘zingiz iching, bolam!
Akbar limu sharbatining lazzatini ancha kundan beri endi qaytadan sezdi. Bovurchilar Hamida begim uchun dasturxon yozib, eng sarxil shirinliklar va sabzavotdan qilingan taomlar keltira boshladilar. Be¬gim to‘rt yildan beri go‘sht yemas, buni bovurchilar bilar edi. Akbar ham Bhiraga kelgandan beri go‘sht yemay qo‘ygani ona-bolani ma’naviy maslakdosh qilganday tuyuldi. Xushta’m sabzavotlardan pishirilgan anvoyi ovqatlarni esa Hamida begim ataylab ishtaha bilan yer, uning ta’sirida Akbar ham laganga tez-tez qo‘l cho‘zayotganini o‘zi sezmasdi. Kindik qoni orqali o‘tgan go‘daklik tuyg‘ulari akbarni asliga qaytarayotganday, voqelik bilan xayoliy ro‘yoning orasidagi chegara tuman orasidan sekin chiqib kelayotganday bo‘lardi. Lekin oylar davomida unga singdirilgan mahdiylik afsuni hali osonlikcha tarqaydiganga o‘x¬sha¬masdi. Ona-bola suhbatlashib o‘ltirganlarida Akbar bir necha marta jim qolib osmonga quloq soldi. U tangridan ilohiy nido kelishiga astoydil ishonib yurganini Hamida begim endi sezdi.
Kechasi Akbar soma degan giyohning suvidan tayyorlangan sharbat ichdi.
— Soma hindlarda muqaddas giyoh hisoblangay,— deb onasiga tushuntirdi. — Kechasi oydinda tog‘dan terib tusharlar. Oltin uzuk taqilgan barmoqlar bilan ezib, sharbatini elakdan suzib poklagaylar. Bir-ikki kun turgandan keyin yetilib, yengil kayf bergay. Ammo bu ilohiy kayf sanalur.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:18:13
Hamida begim somadan bir piyola ichib yotgan edi, kechasi bilan uxlay olmadi. Brahmanlar soma¬ning kayfi bilan tuni bo‘yi hindcha duolar o‘qib, uxlamay chiqishlari esiga tushdi-yu, Akbarni qiynab yurgan uyqusizliklarga soma ham sabab bo‘layotganini payqadi. Ertasi kuni Akbarga turkiy ichimlik bo‘lgan qimizni eslatdi:
— Kobulda o‘smir paytingizda qimiz ichganlaringiz yodingizdami? Ajdodlarimiz orqali qonimizga singgan odat...
— Hind issiqlarida qimiz og‘irlik qilgay.
— Ammo Bhira salqin ekan. Bir tomoni tog‘, bir tomoni daryo.
Onasining qimizga ko‘ngli ketayotganini sezgan Akbar bovurchini chaqirdi:
— Chig‘atoyxon Toshkandiy qimizxo‘r edi. Borib ayting, biz uchun topdirsin.
Qip-qizil kadi to‘la qimiz o‘sha kuni topib kelindi. Hamida bonu saryog‘da pishirilgan baquvvat ovqatlar buyurdi-yu, avval o‘zi bir kosa qimiz ichdi, keyin qo‘yarda-qo‘ymay Akbarga ham ichirdi. Muzday buloq suviga kadisi bilan qo‘yib sovutilgan qimiz chanqoqni shunday yaxshi bosdiki, Akbarning tanasi yayrab, birdan ishtahasi ochilganini sezdi. Ona-bola go‘sht yemasliklarini biladigan bovurchi ularga turkiycha qaymoq torpiq pishirib keldi. Akbar sharbatchiga ishora qilib, o‘ziga va onasiga yana bir kosadan qimiz quydirdi. Uni ichgandan keyin vujudiga mayin bir mudroq tarqab, dunyo g‘amlari xayolidan uzoqlasha boshladi. Har kuni yotar mahalda ichadigan soma ichimligini bugun onasi iltimos qilib ichirmadi. Uning o‘rniga ham yana bir kosa qimiz berdi.
Akbar xufton kech bir uyquga ketgancha, ertasi kuni oftob chiqqanga qadar qotib uxladi.
So‘nggi kunlarda u hech kimni qabul qilmay qo‘ygani uchun davlat ishlari to‘xtab qolgan, podshoning qabuliga kirolmay xit bo‘lib yurgan odamlar ko‘p edi. Akbarning o‘y-xayolini buzmaslik uchun mulozimlar ham oyoq uchida yurardilar. Butun qarorgoh mudroq bosganday bo‘shashgan edi. Akbar erta¬lab uxlab yotgan paytda Abulfazl bilan roja Birbal Hamida begimning huzuriga keldilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:19:35
— Yaxshi uxlayotgan bo‘lsalar, bu — sog‘ayish alomati! — suyunib dedi Abulfazl. — Shoyad bugun bizni ham qabul qilsalar. Navbat kutib turgan shoshilinch ishlar ko‘p.
Hamida begim bosh chayqadi:
— Mavlono, hali sabr qiling. Gujaratdagi mastliklari bir kunda tarqagan ekan. «Mahdiy», «dohiy» deb, oylar davomida afsun qildilaringiz. Buning kayfi tarqalishi uchun ancha vaqt kerakka o‘xshaydir.
— Shukurki, hazratim siz bilan inoqlar.
— Menga xos hakimni chaqirib beringizlar, — dedi Hamida begim. — Bamaslahat davo qilaylik.
Xos hakim Bhim Nadh Akbarga quvvat beradigan taomlarni ko‘proq yedirishni maslahat berdi. Shu maslahat bo‘yicha Hamida begim ertalabki shirchoyga quvvat beradigan qaymoq va saryog‘ni ko‘proq soldirdi. Tushga borib Akbar chanqay boshlaganda ona-bola yana qimiz ichdilar, tabibning buyrug‘i bilan sabzavot sho‘rvaga kaklik go‘shtidan qo‘shib pishirdilar va suvini suzib berdilar. Akbarning kayfiyati yax¬shilanib borayotganini ko‘rgan Hamida begim unga ruh va tananing birligi haqida Salim ota aytgan so‘zlarni eslatdi:
— Inson ham daraxt kabi moddiy ildizlardan oziqlanarkan, shoh o‘g‘lim! Qon bilan taraluvchi oziq ruhga quvvat berarkan.
— Lekin nafs bilan ko‘ngil — ruhning dushmanidir, — dedi Akbar.
— Ko‘ngil ham pok bo‘lsa, ruhga zid kelmagay. Hind¬larning ko‘ngil haqidagi fikrlari esingizdami? Karma — bizdagi ko‘ngilga o‘xshab tabiiy ehtiyojlar, mayllarni keltirib chiqararkan. Busiz yashab bo‘lmas ekan.
— Ammo jaynlar ko‘ngilni yopishqoq matoga o‘xshaturlar. Hayotning butun kir-chirlari shu matoga yopishavergay.
Hamida begim ham jaynlar ta’limotidan xabardor edi. Jaynlar tirik jonivorning go‘shtini yeyishga shu¬ning uchun qarshiki, inson o‘lganda uning joni boshqa biron jondorga, goho echkiga, qo‘yga, goho ilonga ko‘chib o‘tadi. Jaynlarning jonivorlarga rahmdilligidan tashqari bittadan ortiq xotin olmasliklari, imon-u e’tiqodlari bunga ruxsat bermasligi ham Hamida begimga yoqadi.
— Jaynlar karmani kir oladigan matoga o‘xshatganlari rost, — dedi begim. — Lekin uni tez-tez tozalab turish kerak, deydilar. Axir karmasiz hayot bo‘lurmi? Ichish, yeyish, uylanish, farzand ko‘rish — hammasida ko‘ngil ishtirok etmay iloji yo‘q.
— Lekin ko‘ngilni imon-u insof ko‘chasidan yurgizish mushkul.
— Nechun?  Komil insonlarda ruh hamisha ko‘ngilga yetakchilik qilgay, aql bilan dil juft qanotlardek birga parvoz etgay.
— Demak, men hali kamolotdan juda uzoqda¬men,— dedi Akbar. — Ruhim mudom osmonga talpinur. Ammo tanamni ruhim ko‘tarilgan yuksaklikka olib chiqolmay, aro yo‘lda muallaq qolurmen.
Akbar o‘zining ruhiy holatiga to‘g‘ri baho bera boshlaganida Hamida begim ichida «xayriyat!» deb qo‘ydi-yu, uni muallaq holatdan tezroq yerga qaytarib tushirgisi keldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:21:55
— Men o‘tgan hafta tushimda Humoy qushni ko‘ribmen, — dedi begim. — Qanotlari burgutnikidan ham bahaybat. Boshi-yu bo‘yni shertaxlit. Odamni¬kiday ikki ilki bor. Tog‘ etagida odamlar to‘plangan ekan. Humoy qush ilkida kattakon bir kitobni ko‘tarib o‘tib, tog‘ tepasiga borib qo‘ndi. Odamlar unga qarab yugurdilar. Humoy kitobni tashlab uchib ketdi. Toqqa oldinroq yetib borgan to‘rt-besh odam haligi kitobni «men olay, men olay!» deb talashib qoldilar. Bir-biriga bermagandan keyin uni to‘rt-besh bo‘lak qilib bo‘lib, turli tomonga olib keta boshladilar. Shunda siz paydo bo‘ldingiz. «To‘xtanglar, axir, yaxlit kitobni parchalab olib ketish gunoh-ku», deb ularni qayta¬rishga tushdingiz. Lekin ularning birini qaytarsangiz, boshqasi tutqich bermaydir. Azbaroyi achinganimdan «oh!» tortib, uyg‘onib ketibmen.
Akbar o‘ylanib turdi-yu:
— Yaxshi tush ko‘ribsiz, — dedi. — Kitob — haqiqat ramzi. Odamlar haqiqatni parcha-parcha qilib turli tomonga olib ketganlari rost. ma’naviyat ham parchalangan. Har kim ilkidagi bir parcha haqiqat-u ma’naviyatni mahkam tutib olgan. Boshqalarning ilkida ham haqiqat-u ma’naviyat parchalari borligini tan olmaydilar. «Faqat men haqmen!» deb, boshqa xalqlarni kamsitadilar. O‘zaro urushlar, din-u millat ayirishlar mudom shundan kelib chiqg‘ay... Siz tushingizda ko‘rgan kitobning parchalarini odamzod bir joyga yig‘ib, yaxlit holiga keltirmaguncha, dunyoda adolat o‘rnatib bo‘lmagay. Mening orzuyim sochilib ketgan o‘lkalarni bir davlat qilib birlashtirishgina emas, balki parchalanib ketgan haqiqatni bir ulug‘ mahzarga* yig‘ishdir.
— Ilohim, bu orzuingizga yeting, shoh o‘g‘lim. Turkiy ulusdan chiqib, Hindistonga farzand bo‘ldingiz. Endi bilsam, bir ulusning qobig‘ini yorib chiqqan odam faqat ikkinchi bir xalqning farzandi bo‘lish bilan cheklanib qololmas ekan. Ummonga quyilgan daryo butun dunyo kengliklariga chiqarkan. Shunga o‘xshab, siz ham o‘z ulusingiz, o‘z mamlakatingiz tashvishlaridan kuch orttirib, umumbashariy muammolarni yechi¬sh¬¬¬ga bel bog‘lamoqdasiz. ma’naviyat bobida ajdodlari¬ngizning hech biri bunday mushkul, bunday murakkab maqsadlarni o‘z oldilariga qo‘ymagan edilar. Sizda ulkan iste’dod-u g‘ayrat  bor. Ammo men tu¬shimda «oh» tortib uyg‘onganimga sabab — «yolg‘izlik qildingiz, bolam!». Kitobni parchalab, turli tomonga qoch¬¬ganlarning hammasini odam bir o‘zi nechuk tutgay?
— Yonimda hech kim yo‘qmidi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:22:12
— Yo‘q edi! Axir, sodiq amirlaringiz nechun ko‘rinmaydilar? Aziz ko‘ka, Man Sinx, roja Birbal, Abul¬fazl... Har biri siz uchun jonini berishga tayyor-ku!
Akbar so‘nggi paytda uzlatga chekingisi va yolg‘iz yurgisi kelib, eng yaqin kishilaridan uzilib qolgani noto‘g‘ri bo‘lganini endi seza boshladi. Onasi uni yanada hushyor torttirish uchun Agrada bo‘lgan bir fojiani aytib berdi:
— Siz yo‘g‘ingizda Agradagi sadrlar suduri Abdunabi yana diniy nizolarni alanga oldirdi. Siz-ku, masjidlar qatori hind butxonalari qurishga ham ruxsat bergan edingiz. Lekin shayx Abdunabi bor taxtani masjid yoniga keltirib taxlatibdir. Butxona uchun taxta berdirmabdir. Butxona qurilishi to‘xtab qolgandan keyin, kelinimiz Jodha Bayga qadrdon bo‘lgan brahman o‘z qavmlari bilan boribdir-da, o‘sha taxtalarning bir qismini sadrlar suduridan beruxsat olib ketib, but¬xona qurilishiga ishlatibdur. Muxtasib buni bilib qolib, brahmanni hibsga olibdir.
— Men buni eshitgan edim, — dedi Akbar. — Safardan qaytgunimcha brahman hibsda saqlansin degan edim.
— Ammo brahman qochmoqchi bo‘lgan emish. Rostmi, yolg‘onmi, bilmadik. «So‘roq paytida brahman muslimlarni haqorat qildi, kechasi qochmoqchi bo‘ldi», degan bahona bilan sadrlar suduri uni qatl ettiribdir.
— Ob-bo, jallodlar-ey!
— Eng yomon fojia keyin bo‘ldi. Brahmanning to‘rtta xotini bor ekan. Shulardan uchtasi «sati» qilib, murda bilan o‘zlarini yondiribdirlar. Buni Jodha Bay eshitib qancha yig‘ladi! Ayollarning qarindoshlari-yu brahmanning qavmlari bu adolatsizlikdan qahr-u g‘azabga to‘lib yuribdilar. Axir shayx Abdunabiday johillarga odamlarni qatl ettirsh huquqini kim bergan?
— shariat bergan, — dedi Akbar. — Agar mening dahriyligimga raiyat-u bariyatni ishontirsalar, shariatga suyanib meni ham qatl ettirishlari mumkin.
— Bular shariatni shunchalik suiiste’mol qiladigan bo‘lsa, o‘rinlariga shayx Muborakdek halol odamlarni qo‘ysangiz bo‘lmagaymi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:22:26
Akbarning ko‘pdan beri ko‘ngliga tukkan istagi ham shu edi. Hozir bu istak yangi bir kuch bilan qaytib keldi. Uni amalga oshirish uchun yana poytaxtga qaytishi kerak.
— Poytaxtda Todar Mal ham sizning yo‘lingizga muntazir, — dedi Hamida begim. — Jizyani bekor qilish uchun yetarli mablag‘ to‘plagan emish.
Yerda shuncha ishlari turib, Akbar osmondan nido kutib yurgani endi uning o‘ziga g‘alati tuyuldi. Hamida begim uni tezroq avvalgi holiga qaytarishga intilib iztirob bilan so‘zlashda davom etdi:
— Shoh o‘g‘lim, shayxlar sizni yerdan uzib olib osmonga chiqarib yubormoqchi bo‘lurlar! Meni ham Iso payg‘ambarning onasi Bibi Maryamga qiyoslab mubolag‘a qilurlar. Lekin men Bibi Maryam emasmen, shukrkim, sizdek ulug‘ insonga onamen! Shuning o‘zi menga yetkulikdir! Tangrining oldida guvohlik berurmenki, sizga bir emas, yetti ona oq sut bergan. Shuning uchun men sizni mahdiy emas, Odam Ato farzandi deb bilurmen!
Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Xayollari osmondan yerga tushayotgani unga yengillik bermoqda edi. Quyuq bulutday og‘ir tuyg‘ular kuchli shamol ostida tarqab ketayotganga o‘xshardi. O‘g‘lini bulut orasidan chiqarib olayotganini sezgan ona ilhom va ehtiros bilan so‘zlashda davom etdi:
— Siz afsonaviy Iskandar kabi ulkan nom qozondingiz, Akbarjon! Alisher Navoiyning «Xam¬sa»sini o‘qigansiz. Saddi Iskandariy dostoni yodingizdami? O‘sha yerda Arastu, Suqrot, Aflotun kabi olamshumul donishmandlar nelar deganini bir eslang!
Akbar «Saddi Iskandariy»ni xayolidan qayta o‘tkazarkan, bir narsadan hayron bo‘ldi. Navoiyning jahon xalqlarini adolatga va ruhiy yaqinlikka undab yozgan turkiy dostoni Akbarning milliy adovatlar va diniy nizolarni yo‘qotishga qaratilgan e’tiqodiga naqadar hamohang! Dostondagi ya’juj-ma’jujlar — qonli urushlar va milliy adovatlar timsoli emasmi? Saddi Iskandariy barcha yovuzliklarning yo‘lini to‘sish uchun qurilgan ekan-ku. Uni Sharq-u G‘arbdagi barcha xalqlar din-u millat ayirmasdan birgalikda qurganlari bejiz emas.
— Akbarjon, siz ham Sekrida qurgan e’tiqod uyi orqali barcha ellarni ruhan yaqinlashtirish niyatida edingiz. Sizning bu ixtirongiz ham xatarli nizo-yu adovatlarning yo‘lini to‘sadigan ma’naviyat Saddi emasmi, axir? Navoiy Iskandar siymosida o‘zi orzu qilgan rahbarni ulug‘laydir. Ajdodlaringiz orasida shu orzuning amaliga yaqin kelgan rahbar — siz emasmisiz? Axir siz uzoq Farangistondan, Aflotun-u Arastular o‘lkasidan nasora ruhoniylarini taklif qilgan edingiz. Ular Gujaratdan o‘tib, bizga yaqinlashib kelmoqda emishlar. Kim chiqib kutib olgay? Qayonga joylashtirgay? Qancha mulozimlaringiz sizning qabulingizga muntazir! Siz qiladigan qancha muhim ishlar navbat kutib qoldi! Qancha odam bir parcha nonga zor! Yordamga muhtoj bevalar qancha!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:28:14
— Rost! — deb Akbar birdan larzaga kelib o‘rnidan turib ketdi. Momaqaldiroq gumburlaganda «vahiy emasmikan?» deb ruhida zilzila qo‘zg‘algani kabi, hozir ham vujudi junbushga keldi. Ko‘zlari olovday yonib:
— Men osmondan kutgan nidolarni sizdan eshitdim, onajon! — dedi. — Barcha yovuzliklarga qarshi Saddi Iskandariy qurmoq!..
— Ehtimol, odamlar buni Saddi Akbariy deb atagaylar, bolam!
— Ajoyib... G‘animlarim butalar orasiga yashi¬ringan ilonlardek zahar solish uchun payt poylamoqdalar. Endi ularni hind lochini Haruda kabi yuksakka olib chiqib, tashlab yuborish mumkin!
Ko‘pdan beri yo‘li to‘silib, dam bo‘lib yotgan anhorning oldi ochib yuborilsa, o‘zaniga sig‘may toshib, loyqalanib oqadi. Shunga o‘xshab, Akbarning dilida qisilib yotgan tuyg‘ulari ham endi tanasiga sig‘may yopirilib chiqa boshladi. U qarsak chalib sarmunshi Ashrafxonni chaqirdi-da, ketma-ket farmo¬yishlar bera boshladi:
— Agraga chopar yuboring. Mirdevon Todar Malga farmonimiz shulki, Sekrida, Agrada, Dehlida va boshqa subalarda* qancha ochlar, muhtojlar, yetim-u yesirlar, keksayib qarovsiz qolgan notavonlar bo‘lsa biz borguncha hammasini ro‘yxatga olsin. Yana bir farmoyish: so‘nggi yetti yilda, aholidan olingan jizya solig‘ining umumiy miqdori qancha? Shuning aniq hisob-kitobi tuzilsin.
— Fathpur kutvoli Ibrohimxonga buyrug‘imiz shulki Goa orolidan kelayotgan farangi ruhoniylarini izzat-ikrom bilan kutib olsin, saroy ichidagi xos meh¬monxonaga joylashtirsin. Gujaratdan otashparastlar peshvosi Mexerji kelgan bo‘lsa, unga ham yaxshi joylardan berilsin.
Hamida begim o‘g‘lidagi o‘zgarishni hayrat bilan kuzatib turar, Akbar avvalgiday serg‘ayrat, ishchan qiyo¬faga qaytgani sari onaning quvonchi ortib borardi. Ashrafxon esa Akbarning ketma-ket yopirilib kelayotgan istaklarini shosha-pisha qog‘ozga tushirmoqda edi:
— Yozing: Qosim sarkorga farmoyish shulki, biz borguncha to‘rt qismlik ibodatxonaning barcha xo¬nalarini turli tildagi muqaddas kitoblar bilan jihoz¬lasin. Biz poytaxtga qaytganda saidlar, ulamolar, brahmanlar, boshqa din-u millat vakillarini shu e’tiqodxonaga taklif etgaymiz. So‘nggi farmoyish: hozir bhiradagi barcha bek-u a’yonlarni kechqurun mashvaratga chorlang. Miri manzil yo‘l tayyorligini ko‘rsin, erta o‘tib indin poytaxtga qaytib ketgaymiz!
Anchadan beri jimib mudrab yotgan Bhiradagi qarorgoh bu farmonlardan go‘yo cho‘chib uyg‘on¬di-yu, hammayoq birdan jonlandi. Chodirlar va ko‘shk¬larning ichi-tashini g‘ivir-g‘ivir harakat tutib ketdi.

_________________
* M a h z a r  —  markaziy nuqta, sintez joyi.
* S u b a — viloyat.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:28:41
* * *

Mirdevon todar Malning hisobiga binoan, so‘nggi yetti yilda barcha viloyatlarda, shu jumladan yangidan qo‘shib olingan Gujarat, Bixar va Bangolada o‘tkazilgan moliya islohotlari natijasida davlat xazinasiga tushayotgan daromadlar avvalgidan uch barobar ortgan edi. Shu daromadlarning ellik kururdan ortig‘i g‘ayridinlardan olingan qo‘shimcha soliq — jizyadan tushgan ekan. Akbar ustozi Salim Cheshtiga bu adolatsiz soliqni bekor qilish haqida va’da bergani qachon edi? So‘nggi yillarda xayoli boshqa narsalarga alahsib, buni unutgan bo‘lsa, endi shuning hissasini chiqarishi kerak emasmi? Muhtojlarga xayr-u ehson qilish odati hamma ellarda bor-ku. Barcha imon-u e‘tiqod vakillariga barobar ulashiladigan xayr-ehsonga qaysi taqvodor shayx qarshi chiqa oladi?
Akbar shu o‘ylar bilan jizyadan tushgan tangalar¬ning katta bir qismini muhtojlarga ulashmoqchi bo‘ldi. Uning farmoni bilan devoniom oldidagi marmar hovuz suvdan tozalandi. Xazinadan charm qoplarda olib chiqilgan tangalar qup-quruq qilib artilgan marmar hovuzga xuddi omborga to‘kilgan bug‘doyday to‘kildi. Hovuz lim-lim to‘lganda, unga o‘n yetti kurur* rupiy tanga siqqanini Akbarga ma’lum qildilar. Shuncha ko‘p pulni xayr-u ehson tarzida ulashish bek-u a’yonlar uchun aqlga sig‘maydigan bir ish edi. Akbar buni onif — to‘lov deb atadi:
— Oniflar — davlatning yordamiga muhtoj keksalar, yetimlar, nogironlar, beva-bechoralardir. Biz bu pullarni fuqarodan soliq tarzida olganmiz. Endi uni barcha imon-u e’tiqod vakillariga barobar ulashsak adoaltdan bo‘lgaymi, yo‘qmi, taqsirlar?
Akbarning bu savoli ruhoniylarga qaratilgan edi. Eng avval shayx Muborak:
— Behad katta savob bo‘lg‘aydir! — deb xitob qildi.
Hind brahmani deva Prasad ham:
— Brihma, Shiva, Vishnu — uchalasi ham bunday saxovatdan shod bo‘lurlar! — dedi.
Shayx Ansoriy va Abdunabilar marmar hovuz to‘la pulning machit-u mozorlarga emas, kambag‘al muhtojlarga ulashilishini uncha yoqtirmasalar ham, lekin onif — to‘lovning savob ish ekanini tan olishga majbur bo‘ldilar.
Shundan keyin Akbar mirdevonga tayinladi:
— Sohib Todar Mal, o‘zingiz tuzgan ro‘yxat bo‘yi¬cha chinakam muhtoj odamlarga berilishini nazorat qiling, toki ochko‘z puldorlar janda kiyib kelib, beva-bechoraning haqini olib ketmasin!
Toshhovuz to‘la tangalar o‘n minglab muhtojlarga qirq ikki kun davomida ulashildi.
Shu orada jizya solig‘i ham bekor qilindi. Abulfazl dilidagi bu orzuning amalga oshganidan behad shod bo‘ldi.
— Hazratim, Panjobda, Ganga bo‘yidagi Audda el-ulus sizning haqingizga hindcha qo‘shiqlar to‘qibdilar, — deb daftarga yozib olingan satrlarni Akbarga o‘qib berdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:28:55
Hind-muslim adovati yo‘qolib bitsin,
Akbarni kuylaylik, maqsadga yetsin.
O tangrim Krishna, Akbarga umr ber,
Uning islohoti doim bo‘lsin bor*.
she’rdan mamnun bo‘lgan Akbar:
— Xalqda donishmandlar ko‘p! — dedi. — Dilimizda borini darrov sezibdilar.
— Jizyadan tashqari hindlardan olinadigan ziyorat solig‘i ham shayx ansoriylarni boy qilmishdir, hazratim! Banorasga yoki Ganga bilan Jamna quyiladigan joyga ziyoratga boruvchi g‘ayridinlar muslim nozirla¬riga bir rupiydan soliq to‘laydirlar. Bir yilda o‘n kurur ziyoratchi borsa, o‘n kurur rupiy foyda qi¬lurlar!
Akbarning navbatdagi farmoni bilan ziyorat solig‘i ham bekor qilindi. Mamlakatning ko‘pchilik aholisi bu diniy soliqlardan qutulganlari uchun Akbardan qan¬chalik mamnun bo‘lsa, katta daromad manbaidan ayrilgan muxtasib-u qozilar, imom-u ulamolar undan shunchalik norozi edilar. «Podshomiz dinidan qaytdi!», «Musulmonchilik tamom bo‘ldi!», «Majusiylar tepamizga chiqib ketdi!» degan ig‘vo gaplar tarqala boshladi.
Shuning ustiga Goa orolidan Fathpur-Sekriga Akbarning maxsus taklifi bilan kelgan farangi ruhoniylari uchun podsho saroyi ichidan joy berildi, ularning o‘z tillarida ibodat qilinishlari uchun tezlikda kichkina cherkov ham tiklandi. Saroy ichida malika Jodha Bay qurdirgan hind ibodatxonasi borligidan nolib yurgan muslim ulamolari endi cherkov tepasiga o‘rnatilgan nasoralar salibini ko‘rib, jonlari halqumlariga kelganday bezovtalandi. Shayxulislom Ansoriy Akbar¬ning huzuriga kelib, kofirlardan ehtiyot bo‘lish haqida muqaddas kitoblarda nimalar deyilganidan gap boshladi:
— Hazratim, farangilar ilonning yog‘ini yalagan, bilintirmay zahar solgay. Buni ular bilan muoma¬lada bo‘lgan podsholar yaxshi bilurlar. Eron-u Turon tojdorlari kofirlarni hatto mamlakat ichiga kirgani qo‘ymaydilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:29:09
Axir g‘ayridinlarning masjidga kirishga haqlari yo‘q-ku, Musulmon mamlakati ham ulkan bir masjiddek pok turmog‘i kerak emasmi? Bobolaringiz yurti Turon, Buxoroi sharif kofirlar uchun masjid kabi yopiq. U yoqlarga biron kofir borib qolsa, ko‘chadagi olomon tutib olib o‘ldirib yuborgay. Chunki shayxlar «kofirlarni o‘ldirmoq savobdir!» deb ularni ishontirib qo‘yganlar. Shuning uchun u yoqlarga kofirlar yurak yutib borolmagay. Borganlari ham tirik qaytmagay!
— Taqsir, Turondagi o‘sha johil xurofotchilarni bizga ibrat qilib ko‘rsatmoqchimisiz? Ular Qur’onga mutlaqo zid ishlar qilganini nahotki fahmlamasangiz?
— Nechun zid? Axir Qur’oni karimda kofirlardan ehtiyot bo‘lishni buyurganlar...
— Ehtiyot boshqa! Siz... Hujurat surasini bir eslang. o‘n uchinchi oyatda nelar deyilgan?
Ansoriy ko‘p urinib bu oyatni eslay olmadi.
— Ma’zur tuting, keksalik, muhofazam zaiflashgan...
Akbar barcha oyatlarni yod bilar edi. Hujurat surasini avval arab tilida yoddan aytdi-yu, keyin tarjima qilib berdi:
— «Ey insonlar! — deydi Allohi taolo: — Biz sizlarni bir ota, bir onadan yaratdik va sizlarni turli millatlar va qabilalarga mansub qildik, toki bir-birlaringiz bilan yaqindan tanishgaysizlar». Butun bani bashar bir ota, bir onaning farzandi bo‘lsa, barcha millatlar-u qavmlar bir-birlariga birodar emasmilar? O‘shal suraning o‘n ikkinchi oyatida aytilmaganmiki, boshqa din, boshqa millat vakilini nohaq o‘ldir¬moq — birodarkushlikdir. Bormi shu ma’nodagi oyatlar?
— Endi esladim... Bor!
— Bor bo‘lsa, ulamolaringizga ayting. Chekka-chekkada bizni dahriy deb g‘iybat qilmasinlar. Men Allohga dil-dilimdan ishonurmen. Mening maqsa¬dim— haq yo‘liga qaytmoqdir. Seshanba kuni turli din, turfa millat vakillari bir davraga yig‘ilgaymiz. Siz ham munozarada ishtirok eting!
Ansoriy noiloj qo‘l qovushtirib, taklifni qabul qildi.

______________
* Bir kurur — 10 million.
* Panjob, Aud va boshqa o‘lkalarda Akbar haqidagi xalq qo‘shiqlari haligacha aytib kelinayotgani hind olimi Munilalning 1978 yilda Dehlida chiqqan kitobida keltirilgan. Yuqoridagi xalq qo‘shig‘ining satrma-satr tarjimasi ham o‘sha kitobdan olindi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:29:35
* * *

Sekri tepaligida turgan ulkan gumbazli e’tiqod uyi hozir hammaning diqqat markazida. Favqulodda yangiliklarni ko‘pchilik endi shu yerdan kutadi. Zarrin o‘ymakorliklar bilan ziynatlangan salobatli eshik oldiga maxsus qorovullar qo‘yilgan. Bugun seshanba, Akbar keladigan kun bo‘lgani uchun qorovullar ich¬kariga faqat uning o‘zi taklif qilgan ruhoniylarni kiritmoqdalar.
Boshiga katta oq salla o‘ragan, malla ipak rido kiygan Abdulla Ansoriy eshikdan birga kirgan brahman Devi Prasadga bir joyi tegib ketishidan qo‘rqqanidan o‘zini nari tortdi. Ammo naryoqda otashparastlar ruhoniysi Mohiyor Meherji kelayotganini ko‘rib, o‘zini qo‘yadigan joy topolmay pitirlab qoldi.
Devi Prasad keng oq dhoti* ustidan kulrang kamzul kiygan, peshonasiga qizil xol — tilak qo‘ygan. Otashparast Meherji esa beliga uch popukli kamar bog‘lagan. Akbarning taklifi bilan Goa orolidan kelgan nasora ruhoniylari Rudolf Akvaviva bilan Antoni Monserrate tovongacha tushadigan uzun qora xirqa kiyishgan. Boshlarida turklarning feskasini eslatadigan qora qalpoq. Ruhoniylarning uzun soqoliga o‘rgangan shayx Ansoriy Akvavivaning faqat mo‘ylovi borligidan hang-mang bo‘ldi-da:
— Astag‘firullo! — deb qo‘ydi.
Ibodatxonadagi xonalarning birida Shiva, Vishnu haykallari, birida otashparstlarnnig mangu yoniq olov¬lari. Buni ko‘rgan Ansoriy «astag‘firullo!»ni yana bir necha marta takrorlashga majbur bo‘ldi.
Sadrlar suduri shayx Abdunabi o‘z raqibi Anso¬riyga o‘xshamaslikka tirishib, bugun boshiga musulmon bayrog‘i rangidagi yashil salla o‘ragan, bo‘yniga oq ipak fo‘ta tashlagan edi. Umr bo‘yi budparast va otashparastlarni quvg‘in qilgan sadri jahon endi ularning imon-u e’tiqodlariga muhtasham binodan shunchalik mo‘tabar o‘rin berilganini ko‘rib:
— Tavba! — deb asabiy shivirladi.
Yana bir xonaga o‘tganlarida, Farangiston qiroli Akbarga sovg‘a qilib yuborgan oltin muqovali «Injil» ko‘zga yalt etib tashlandi. Uning yonida Bibi Maryamning chaqaloq Isoni qo‘liga olib turgan rangdor surati turibdi. Bu ikki narsani Akbarga Rudolf Akvaviva sovg‘a qilib olib kelgan edi. Akbar oltin muqovali kitobni ham, Bibi Maryam suratini ham e’zoz bilan ko‘ziga surtib qabul qilganini Abdulla Ansoriy qabul marosimida ko‘rgan edi. Rudolf Akvaviva hamrohlariga maqtanib: «Akbar hazratlari «Injil»ni o‘pib ko‘zga surganlari — biz uchun nasora dinini qabul qilganday quvonchli hodisa bo‘ldi!» deganini Ansoriy o‘z xufiyalaridan eshitgan edi. Hozir shuning hammasini xayolidan bir-bir o‘tkazar ekan: «Bu bino — ibodatxona emas, kofirxona!» degan g‘azabli o‘y ko‘nglidan kechdi. Xuddi masjidning minbariga chiqiladigan marmar zinapoyaga o‘xshash zinalar ularni bino markazidagi muhtasham sahnga olib chiqdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:30:04
Akbar oldinroq kelib ularni shu yerda kutib turgan ekan. Uning yonida shayx Muborak bilan yana bir mo‘ysafid bor edi. Abdulla Ansoriy bu barvasta mo‘ysafidni taniganda yuragi birdan shig‘ etib seskandi. Bir vaqtlar Bianadagi xalq qo‘zg‘oloniga boshchilik qilgan Abdulla Niyoziy shu edi. Ansoriyga bitta g‘oyaviy dushman — shayx Muborakning o‘zi ham ko‘p ko‘rinardi. Endi Akbar Abdulla Niyoziyni ham Ansoriyga qarshi dahanaki jangga soladigan bo‘lsa, ularga qanday bas keladi? Sadri jahon raqib bo‘lsa ham, shayx Muborakka nisbatan bexatarroq ko‘rindi. Ansoriy beixtiyor shayx Abdunabiga yaqinroq keldi.
Munozara o‘tkaziladigan sahn doirashakl qilib qurilgan edi. Sahnning to‘rida Akbar o‘tiradigan shox¬nishin bor. Aylanasiga gilam va zarbof ko‘rpacha¬lar to‘shalgan, keksalar suyanib o‘ltirishi uchun baxmal bolishlar qo‘yilgan.
Akbarning ishorasi bilan Abulfazl mezbonlik vazifasini o‘tay boshladi: hind brahmanlarining ikki yoniga otashparast va nasora ruhoniylarini o‘tkazdi. Ansoriy bilan Abdunabiga Akbarning chap tomo¬nidan, shayx Muborak bilan Abdulla Niyoziyga esa podshoning o‘ng yonidan joy berildi.
Akbar hammaga bir-bir ko‘z tashlab olgach:
— Faraz qilingki, — dedi, — biz yig‘ilgan bu xona— baland bir tog‘ning cho‘qqisi. Bu toqqa birin¬giz shimol yonbag‘irdan, biringiz janubdan, biringiz sharqdan, biringiz g‘arbdan chiqib keldingiz. Bu binoning to‘rt tomonidagi xonalar — to‘rt xil imon-u e’tiqod makonlaridir. Ulardan boshlangan to‘rt zina¬poyalar esa — go‘yo tog‘ning to‘rt yonbag‘ri. Qarama-qarshi yonbag‘irda yurganda bir-birimizni ko‘r¬ma¬gan, tan olmagan bo‘lsak ham, cho‘qqigacha chiqqanda hammamizga barobar bo‘lgan yuksaklikda  uchra¬shishga muyassar bo‘ldik. Bu yuksaklik — hamamiz¬ning muqaddas tuyg‘ularimizni jam qildi. Tepamiz¬dagi gumbaz — parvardigor ramzi — barchamizga barobardir. Hammamiz bitta bani bashar farzandlarimiz. Shunga qaramay, xurofot-u bid’at hamon bir elni boshqasiga qarshi gij-gijlab, qonli urushlar chiqarmoqda. Biz nechun bunga yo‘l qo‘ymoqdamiz? Osmon ramzi bo‘lgan bu gumbaz ostida  avvalo shu savolga javob topaylik. Dilimizdagini ochiq so‘zlaylik. e’tiqodi turlicha bo‘lgan el-uluslarni ruhan yaqin qiladigan yo‘llarni izlaylik.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:41:20
Akbar bir to‘xtab oldi-da:
— Munozaraga barcha e’tiqodlarni qiyosiy o‘rgangan yetuk alloma shayx Muborak raislik qilsalar ro¬zimisizlar? — deb avval Devi Prasad bilan Meherjidan so‘radi.
Ular shayx Muborakni Abdulla Ansoriydan afzal ko‘rishlari ma’lum edi, shuning uchun darhol o‘z roziliklarini bildirdilar. Akvaviva ham bu fikrga qo‘¬shildi. Odatda, ulamolar majlisiga shayxulislom Ansoriy raislik qilar edi. Lekin sadri jahon o‘z raqi¬bining raislik qilishidan mudom g‘ashi kelardi. Shuning uchun shayx Abdunabi ham raislik tizgini bugun boshqa odamga o‘tganidan mamnun bo‘lib rozilik ma’nosida bosh irg‘adi.
Yakkalanib qolgan shayx Ansoriy e’tiroz qilishning foydasi yo‘qligini sezdi-da, boshini solintirib jim qoldi. Shayx Muborak raislikni boshlab, Akbarning fikrini davom etkizdi:
— Ko‘p balolar — bizning imon-u e’tiqodimiz boshqalarnikidan yaxshiroq deb maqtanishdan kelib chiqgay. Holbuki, yaratganning oldida barcha uluslar barobar.
Abdulla Ansoriyga so‘z navbati kelganda:
— Faqir ham turfa ellarning ruhan yaqinlashib, inoq yashashlariga tarafdormen, — dedi. — Ammo nizo ko‘pincha besh barmoq barobar emasligidan kelib chiqgay. Dinlar ham barchaga barobar bo‘lolmagay. Chunki har bir yurtning o‘z hukmron dini bor. Farangi mehmonlardan so‘rang. Bularning mamlakatlarida nasoralardan boshqa hukmron din bormi?
— Ammo biz muslimlarni hurmat qilurmiz! — dedi Akvaviva. — Qadimiy masjidlarni buzdirmay, tarixiy obida tarzida asramoqdamiz.
Sadri jahon Abdunabi kutilmaganda Abdulla Ansoriyning tarafini olib, Akvavivaga e’tiroz qildi. — Mana shu Hind ummonida kema bilan suzib yurgan farangilar Makkaga hajga borgan muslimlarning yo‘lini to‘sib, necha bor pul-u buyumlarini talab ketganlar, muslimalarni asira qilib, zo‘ravonlik bilan o‘z nikoh¬lariga o‘tkazmishlar!
Shayx Muborak Rudolf Akvavivaga murojaat qildi:
— Muhtaram padre*, bu gaplarda asos bormi?
— Asos shuki, dengiz qaroqchilari boshqa xalqlarda ham bor, — deb o‘ng‘aysizlanib izoh berdi Akvaviva. — Nasoralarni zo‘ravonlik bilan o‘z diniga o‘tkazgan, ularning ayollarini cho‘ri qilib olgan muslimlar ham yo‘q emas.
— Faqat dengiz qaroqchilari shunday qilg‘on¬mi?— so‘radi shayx Abdunabi. — Sizlarning qirollaringiz amiral bahr qilib tayin etgan Vasko de Gama Albukerka hind ummonida ozmuncha muslimlarni qirganmi? Goa orolida hindlar-u muslim erlarni qirib, himoyasiz qolgan ayollarni Farangiston askarlariga nikohlab bergan emasmilar?!
Akvaviva yana o‘z vatandoshlarini yoqlamoqchi bo‘lib gap boshlagan edi, yoshi kattaroq Antoni Monserrate uning so‘zini bo‘ldi:
— Padre, Albukerkaning shafqatsizliklari bizning yurtimizdagi vijdonli odamlar tomonidan ham nafratga uchraganini ochiq aytmoq kerak. Hatto Vasko de Gama birinchi bo‘lib Yevropa uchun Hindistonni ochgan siymo sifatida tarixga kirgan bo‘lsa ham, ke¬yinchalik qirol farmoni bilan Hind ummoniga hokim tayinlanib, ikkinchi marta kelganda ko‘p shafqatsizliklar qilmishdir. Yo‘lovchi tashiydigan arab kemasida ayollar, bolalar, chollar kelayotganini Vasko ko‘rsa ham, lekin yog‘ sepdirib, ayamay yondirib yubor¬mishdir. Portugaliyada Vaskoning bu qilmishlari ma’lum bo‘lgach, u xalqning nazaridan qoldi. Umri¬ning oxirida xor bo‘lib o‘ldi. Hozir zamonlar o‘zgargan. Salib yurishlari davri endi o‘tdi. Diniy nizolardan bezor bo‘lib, murosa yo‘lini izlayotgan odamlar Por¬tugaliyada ham ko‘payib bormoqda.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:41:45
Abulfazl otasidan ruxsat olib, Monserratega savol berdi:
— Unday bo‘lsa, ehtimol, Farangiston qirollari ham hozir barcha dinlarni barobar deb tan olgan¬dirlar?
Monserrate bosh chayqadi:
— Afsuski, biz hali bunday fikrdan ancha uzoqmiz. Bu fikrga kelmoq uchun boshqa ellarning muqaddas kitoblarini sizlar kabi astoydil o‘rganmoq lozim. Faqat so‘zda emas, amalda turli xalqlarning ruhiy boylikla¬rini e’zozlab, hozir biz o‘ltirgan binodek me’morlik obidasi qurishning o‘zi — tarixda hali misli ko‘rilmagan bir yangilikdir. «Dunyodagi eng zo‘r jasorat — ruhning botirligidir», degan naql eshitganmen. Hazrati oliylari, — deb Monserrate Akbarga murojaat qildi: — Siz shu binoning me’mori ekansiz. Turli ellarni ruhan yaqinlashtirish niyati bilan yaratgan bu obidangiz menga ulug‘ bir jasoratdek tuyulmoqda. Men sizning bu kashfiyotingiz oldida bosh egib aytmoqchimenki, biz uni qadrlashimiz, e’zozlashimiz lozim!
Bu taklifni ko‘pchilik qabul qilgandan so‘ng, asabiy gaplar g‘ubori xiyol tarqadi-yu, Abdulla Niyoziy so‘z oldi.
— Biz bundan o‘ttiz yil avval Bianadagi xalq harakatiga ishtirok etganimizda orzu qilgan edikki, qudratli davlat tuzilsa, uning tepasida mamlakatni yaktan-u yakdil qilishga qodir rahbar tursa, odamlarga azob beruvchi adolatsizliklar yo‘qolsa... Abdulla Ansoriy janoblari o‘sha paytda Islomshoh saroyining diniy peshvosi edilar. Bizni «dahriy» deb fatvo berdilar, Islomshoh A’loyini halok qildi... Mening jonim qattiq ekan, yoshim ham yoshroq edi, mana, haligacha tirikmen. Ansoriy janoblari hamon o‘sha eski xurofot otidan tushmayotganlari meni taajjubga solmoqda. Biz bu yerga diniy nizolarni bartaraf etmoq uchun yig‘ilganmiz. Yana eski adovatlarni qo‘zg‘at¬gandan ko‘ra qaysi elda qanday ruhiy boylik, qanday ma’naviy fazilat bo‘lsa, shuni bir joyga yig‘aylik. Eng yaxshi udumlar-u an’analarni barchamiz qabul qilaylik. Ana unda «sulhu kull»* degan oliy maqsadga tezroq yetgaymiz. Barcha xalqlar, imon-u e’tiqodlari turlicha bo‘lsa ham, ruhan bir-birlari bilan barobar, teng deb e’lon qilinmog‘i lozim!
Ansoriyning bo‘yniga go‘yo yashirin bir sirtmoq tashlanganday bo‘ldi. Shayx Muborak bilan Abdulla Niyoziy Akbarning pinjiga kirib olishibdi. Endi ular o‘z dushmanlaridan qasd olishlari aniq. Ansoriy bo‘ynidagi sirtmoqning tobora siqilib kelayotganini sezib turibdi. Jon saqlash uchun u endi Akbarni ko‘klarga ko‘tarib maqtashga tayyor edi.
— Taqsir, — deb u avval Abdulla Niyoziyga yuzlandi: — Islomshoh zulmidan biz ham jabr ko‘rganmiz, uning tazyiqi ostida xato ishlar qilganmiz, bu¬ning uzrini Firdavsoshiyon Humoyun hazratlariga aytganimizda, uzrimizni qabul qilgan edilar. Endi o‘tgan ishga salavot!.. Biz bugun boshqa bir davrda yasha¬moq¬damiz. Tarixga Jaloliddin Akbar nomi bilan kirayotgan bu davr chindan olamshumul ahamiyat kashf etmoqda. Muqaddas kitoblarda karomat qilinmishki, ming yilda bir ulug‘ siymo paydo bo‘lib, dunyoni adolatsizlikdan poklagay. Men aminmenki, ana shu ulug‘ siymo hozir bizning davramizda o‘ltiribdirlar. Axir toshhovuzni oltin tangaga to‘latib, o‘z oniflariga shohona to‘lov qilib tarqatganlari kamdan kam bo‘la¬digan saxovat emasmi? Yoki mana bu ibodatxonada hazratimni boshqa din vakillari ham eng odil ma’naviy peshvo deb ulug‘layotganlari noyob hodisa emasmi? Shuning hammasini xulosa qilib faqir aytmoqchimenki, nasoralar masiho deb ataydigan, biz mahdiy deb ulug‘laydigan oliy siymo sizdirsiz, hazratim!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:42:45
Ansoriy o‘rnidan turib, Akbarga ikki bukilib ta’zim qildi:
— Iloho mahdiylarcha ulug‘ adolat o‘rnatish sizga nasib bo‘lsin! — dedi-da, go‘yo hech kim aytolmagan eng zo‘r gapni o‘zi aytganday mamnuniyat bilan ilja¬yib qo‘ydi. Shundan keyin shayx Abdunabi ham Akbarni eng adolatli peshvo deb maqtashga majbur bo‘ldi.
Shayx Muborakka shu kerak edi. U paytdan foydalandi-yu, Akbarni eng oliy faqih va barcha diniy nizolarni hal qiluvchi mujtahid deb fatvo chiqarish haqida taklif kiritdi.
Ansoriy bilan shayx Abdunabi o‘z tillaridan tutilganlarini shunda sezdilar. Agar Akbar oliy mujtahid bo‘lsa, shayxulislom ham, sardlar suduri ham kerak bo‘lmay qoladi!
Shuni jon-dili bilan istab yurgan Abulfazl fatvoni oldindan yozdirib, tayyorlab qo‘ygan edi, unga bi¬rinchi bo‘lib shayx Muborak imzo chekdi. Shayx Abdulla Niyoziy ham darhol qo‘l qo‘yib berdi. Shundan keyin Abulfazl fatvoni shayx Abdunabining oldiga olib bordi. Nasoralar va brahmanlar «nima bo‘larkin?» deb jim qarab turishibdi. Akbar ko‘zini yerga tikkanicha qimir etmaydi. Ammo uning sukuti shayx Abdunabiga ovini poylayotgan yo‘lbarsning sukutini eslatdi. «Yo‘q!» deb ko‘ring-chi! Hozirgina Akbarni «eng adolatli hakam!» deb maqtaganlari riyokorlik, quruq tilyog‘lamalik bo‘lib chiqadi. Shayx Abdunabi og‘ir bir xo‘rsindi-yu, fatvoga imzo chekdi.
Navbat Ansoriyga kelganda uning qo‘lidagi qalam dir-dir titray boshladi. Bu qanday ko‘rgilik? O‘z qo‘li bilan o‘ziga go‘r qaziganday ish qilsa-ya... Qaltiragan qo‘li qog‘ozni tirnab, harflarni chalkashtirib yubordi, lekin bari bir qog‘oz yuzida uning imzosi paydo bo‘ldi.
Tamom!.. Shayx Ansoriy uyiga kelib bir kun kasal bo‘lib yotdi. Ertasi kuni ichini yondirayotgan alamni qog‘ozga tushirib, ko‘nglini bo‘shatgisi keldi-yu, Patnadagi sirdosh do‘sti mulla Tanvirga maxfiy maktub yozdi. Maktubda «Butun islom tarixi Akbarga qarshi!», «Podsho mujtahid bo‘la olmaydi». «Meni imzo chekishga majbur qildilar!», «Bilasiz, goho qaroq¬chilar bilan ham vaqtincha, murosa qilingay» degan gaplar yozilgan edi.
Mulla Tanvir keyingi paytda Akbarga ixlos qo‘ya boshlaganidan Ansoriy mutlaqo bexabar edi. Isyon hidi kelayotgan maktub mulla Tanvir orqali aylanib kelib, Akbarning qo‘liga tushdi. Kech kuz oqshomida Akbar Ansoriyni devoni xosga chaqirtirib kelib tikka turg‘izib qo‘ydi. Abulfazl mulla Tanvirdan qaytib kelgan maktubni Ansoriyga ovoz chiqarib o‘qib berdi. Ansoriy maktubdan tonib qutula olmasligini sezdi-yu, oyoqda turolmay tiz cho‘kdi:
— Meni avf eting! Jahl ustida yozgan edim, aqlsiz¬lik qilganmen!.. Qirq yillik xizmatlarim haqqi, meni bir marta kechiring!
Akbar g‘azab bilan dedi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:42:57
— Qirq yillik xizmatlar emas, riyokorliklar, xoinliklar! Bayramxonning o‘limida ham ishtirokingiz borligini sezganmen! Adhamxon bilan Mohim enaganing boshiga yetgan ham sizsiz! Dehlidagi Po‘lat vasvasni ishga solib, menga o‘q ottirganlarning ilhomchisi ham siz bo‘lgansiz!
— Yo‘q, yo‘q, tangri haqqi, men bu suiqasddan bexabarmen! Ahmoq bo‘lib, Tanvirga shu maktubni yozganim rost!
— Ibodatxonada meni mahdiy deb maqtab, maktubda «dahriy!» deb qarg‘agan odam har qanday razolatga qodir emasmi?
— Riyokorlik qildim, rost. Bu gunohim uchun, mayli hajga boray! Makkatulloga borib, poklanib kelay!
Keksa odam Akbarning oyog‘iga yiqilib iltimos qilgandan keyin, Akbar uning hajga ketishiga ruxsat berdi. Ansoriy hajdan keyin Gujaratga qaytdi va o‘sha yerda vafot etdi. U o‘z bobosining maqbarasiga yashi¬rib yurgan ikki sandiq oltin davlat ixtiyoriga olindi va navro‘z bayramida miskin-bechoralarga ulashildi.

_______________
* D h o t i — keng ishton.
* P a d r e — ota. Ruhoniylar unvoni.
* Har tomonlama sulh, tinchlik.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:43:24
* * *

Saroyda har chorshanba oqshomi orasta bazmlar va she’riy majlislar bo‘lar edi. Akbar mamlakatning eng sohibiste’dod shoir-u san’atkorlarini o‘z atrofiga yig‘ishga intilardi. Mashhur xonanda Tansen, musav¬vir Xo‘ja Abdusamad, malikushshuaro G‘azaliy, uning tarbiyasi bilan yuksak poyalarga ko‘tarilib borayotgan va hozir «Xamsa» yozayotgan Fayzi Fayoziy, ham forsiy, ham hindiy tillarda go‘zal she’rlar bitgan, ajo¬yib qo‘shiqlar ham aytadigan xushchaqchaq roja Birbal, she’riy iste’dodi otasi Bayramxonnikidan qo-lishmaydigan Abdurahimxon — bularning hammasini Akbar ma’naviyat gavharlari deb atar edi. Uning saroyida «no‘hratan» — ya’ni «to‘qqiz gavhar» degan ibora mashhur bo‘lgan, fan, adabiyot va san’atning to‘qqizta eng yorug‘ yulduzlari orasidan Abulfazl ham o‘rin olgan edi. Keksa G‘azaliy vafot etganda to‘qqiz gavharning sakkiztasi qoldi, lekin «no‘hratan» iborasi hamon iste’molda edi.
Akbar bir kun saroy tashqarisida devorga ohak bilan rasm chizayotgan yalangoyoq hind yigitchasini ko‘rib qoldi. Yigitchaning qo‘lida mo‘jizasi borday, panjasining uch-to‘rt harakati bilan devorda jonli suratlar paydo bo‘lardi. O‘zi ham surat chizishni yaxshi ko‘radigan Akbar yigitchaning yonida to‘xtab:
— Oting nedur? — deb so‘radi.
— Dasvanta.
— Nechun devorga surat chizmoqdasen, Dasvanta?
— Qog‘oz-qalamim yo‘q.
Akbar surishtirib bilsa, Dasvanta — kambag‘al bir yuk tashuvchi hammolning o‘g‘li ekan, «Ramayana» va «Mahabxorat» dostonlarinnig juda ko‘p joylarini yod bilarkan, chizgan suratlari ham shu dostonlarning qahramonlari haqida ekan. Akbarning o‘zi ham bu dostonlarni yaxshi ko‘rardi. U Dasvantani saroy rassomlarining sardori Xo‘ja Abdusamadning oldiga boshlab keldi:
— Zehni o‘tkir. Bir tarbiyalab ko‘ring, mavlono. Dasvanta Akbar kutgandan ham iste’dodliroq bo‘lib chiqdi. Uning «Mahabxorat» voqealariga chizgan suratlari Akbarga eng mashhur rassomlarnikidan ham kuchliroq zavq berdi. Shundan keyingi chorshanba oqshomida bo‘lgan san’atkorlar majlisida yigirma ikki yoshli Dasvanta eng yetuk ma’naviyat gavharlari — no‘hratan qatoriga qo‘shildi. Akbarning bu haqdagi farmonini Abulfazl san’at ahliga e’lon qilar ekan:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:43:46
— Gavharlarimiz yana to‘qqizta bo‘ldi! — deb mamnuniyat bildirdi.
Shu kuni kuy va qo‘shiqlar orasida mushoira ham bo‘ldi-yu, yoshi yuzdan oshgan shoir Qosim kohiy o‘zining «Filnoma» degan she’rini o‘qib berdi.
Akbar filni yaxshi ko‘rishi, filbonlik ham qilgani ko‘pchilikka ma’lum edi. Kohiy o‘zini uzoq umr ko‘radigan fillarga o‘xshatgan. Akbarni esa shu fillar¬ning suyukli mahavatiga qiyos  qilgan edi:

Xok bir sar mekunam chun fil har joy merasam,
Gar nabinam bar sari xud filboni xiyshro.
Didaam to ishqi man afzun shavad on filbon
Medavonad bar saram fildomoni hiyshro*.

Akbar bu to‘rt satrni eshitganda zavq qilib bir kulib oldi. Filga o‘xshab yoshi yuzdan oshgan bu odamda hali ham bolalarcha bir ma’sumlik bor edi. Uning fil singari o‘z boshiga tuproq sochishining sababi ham behad chiroyli ifoda etilgandi. Fil o‘zi yaxshi ko‘rgan filboniga qanchalik suyanib qolgan bo‘lsa, Kohiy ham dil-dildan Akbarga mehr qo‘yganini she’riy nafosatga yo‘g‘irib aytmoqda edi. Asli Samarqand tomonlarda, Oqdaryo va Qoradaryo oralig‘idagi Miyonqolda tug‘i¬lib o‘sgan Qosim Kohiy yigitlik paytida Hirotda yashagan, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy¬larning suhbatida bo‘lgan shoir edi. Hozir poytaxtda undan keksa odam yo‘q. Yoshi qamariy hisob bilan bir yuz-u o‘n sakkizga kirgan bu odam bir umr uylanmasdan bo‘ydoq o‘tmoqda edi. Kohiyning siyrak so¬qoli paxtaday oppoq, yakkam-dukkam qolgan jag‘ tishlari yeyilib, milkiga tenglashib qolgan, jussasi ham kichkina. Shu yoshdagi odamdan bunday she’r chiqishini kutmagan odamlar uning har bir baytiga qoyil bo‘lib, o‘tirgan joylarida tebranib qo‘yishardi:

Hamchu fili mast mexoham bixurusham har zamon
Oshkor ato kunam rozinihoni xiyshro.
Boz mego‘yam, hadisi ishq xushtarast,
Behki, chun fil nigoh doram zaboni xiyshro*
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:44:03
Shu yoshdagi odamning mast filday jo‘sh-u xurush qilmoqchi bo‘lgani, lekin yana fillarga xos vazminlik bilan tilini tiyib yurishi Akbarning she’rdan olayotgan zavqini yana bir daraja oshirdi. U o‘zi haqidagi oshkora maqtovlar va madhiyalarni ko‘p eshitgan. Bu yerdagi she’riy iffat, kamtarlik va go‘zal bir tabassum Akbarga nihoyatda yoqqani uchun:
— Mavlono, yana bir o‘qisinlar! — deb she’rni ikkinchi marta eshitdi. So‘ng bironta nuqsoni yo‘qli¬gini, har bir so‘zi gavharday xillanganini maqtadi va Abulfazlga yuzlandi: — Bir yuz-u o‘n sakkiz yoshda shunchalik mukammal she’r yozish — kamdan kam uchraydirgan mo‘jizadir. Mavlono Kohiyning poyi qadamlari tabarruk. Saroy darvozasidan to shu yerga kelgunlaricha necha qadam qo‘ygan bo‘lsalar har bir qadamlariga yuz rupiydan in’om berilsin! minba’d saroyga har kelganlarida yana ming rupiydan berib turilsin!
Mushoira bo‘lgan joydan saroy darvozasigacha yuz qadamdan ortiq edi. Saroy shoirlaridan hech biri hali bunday qisqa she’r uchun o‘n ming rupiy mukofot olmagan edilar. Qosim Kohiy ta’zim qilib, bu in’om uchun Akbarga minnatdorchilik bildirar ekan, uning allanarsadan ko‘ngli to‘lmagani so‘nik ko‘ringan ko‘zlaridan sezildi.
Ertasi kuni xazina ochilganda Qosim Kohiy kelib o‘n ming rupiyni olib ketishi kerak edi. Lekin oradan bir hafta o‘tdi hamki, keksa shoir saroyga qaytib kelmadi. Akbar uni kasal bo‘lib qolmadimikin, deb Abulfazlni xabar olgani yubordi. Qosim Kohiy kich¬kina bog‘ hovlida turar, uy yumushlarini qiladigan mosh-guruch soqolli bitta xizmatkoridan boshqa hech kimi yo‘q.
Abulfazl uning tokchalarida kitoblar turgan xonasiga kirib, hol-ahvol so‘radi-yu:
— Nechun hanuzgacha xazinadan mukofotni olmadingiz? — dedi.
— Muncha pul menga ne kerak, janob vazir? Merosxo‘rim bo‘lmasa!.. Men u she’rni mukofot uchun yozgan emas edim.
— Ehtimol, boshqa tilagingiz bordir? Ayting, men a’lo hazratga yetkazay.
Qosim Kohiyning old tishlari allaqachon to‘kilib, lablari ichkariga botib ketgan, uchi xiyol qayrilgan uzun burni egilib tushib, lablariga tegay deb qolgan.
— Men yoshimni yashab bo‘lganmen, menga mol-dunyodan ko‘ra imon-u e’tiqod azizroq. Navoiydek, Jomiydek ulug‘ siymolarni ko‘rganmen. Ular diniy adovatlarni qanday yo‘qotishning yo‘lini izlab, topolmay ketgan edilar. Akbar hazratlari turli e’tiqodlarni teng ko‘rib sulhi kull e’lon qilish bilan hanuzgacha topilmagan yangi bir yo‘lni kashf qildilar. Men umrimning oxirida ana shu yo‘ldan yurib o‘tmoqchimen. Agar hazratim meni o‘zlariga sodiq maslakdosh deb bilsalar, faqir uchun eng oliy mukofot ana shu bo‘lg‘ay!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:44:23
Abulfazldan bu gaplarni eshitgan Akbar:
— Mavlono Kohiyning bu javobidan boshimiz ko‘kka yetganini borib ayting, — dedi. — Agar istasalar, payshanba kuni yaqin maslakdoshlarimiz davrasiga marhamat qilsinlar!
Bog‘i Fathning tillakori mehmonxonasiga xufton kech yig‘iladigan shayx Muborak, roja Birbal, Abulfazl, uning shoir akasi Fayzi, Aziz ko‘ka, Abdurahim xoni xononlar qatoriga navbatdagi payshanba kuni Qosim Kohiy ham kelib qo‘shildi.
— Mavlono, — deb Akbar eng avval unga murojaat qildi, — siz ajoyib she’riy muammolar yozmishsiz. Bizning o‘trumizda* mushkul hayotiy muammolar turibdir. Biz sulhi kull e’lon qilib birlashtirmoqchi bo‘lgan turli imon-u e’tiqodlar bamisoli mustaqil qa-yiqlardek har biri alohida suzib o‘rganmishdir. Maqol borki, ikki qayiqning boshini tutgan odam g‘arq bo‘lur. Muxoliflarimiz bizni ham g‘arq qilmoqchilar. Ularning nazarida biz na muslim, na ma’jusiy, na otashparast — bu dinlarning hech biriga to‘liq dil bermagan, ora yo‘lda qolgan dinsizlar emishmiz.
Shayx Muborak bu ta’na-dashnomlarni Akbarga aytishga tili bormay istihola qilib yurgan edi. Endi ularni Akbarning o‘zi aytganidan dadillandi-yu, so‘zlashga ijozat oldi:
— Hazratim, sizdek imoni mustahkam siymoga nisbatan aytilgan bu so‘zlar o‘taketgan tuhmatdir! Bu tuhmatdan qutulishning yagona yo‘li — siz kashf etgan oliy e’tiqodni yangi ta’limot shakliga solib e’lon etmoq¬dir. Ibodatxonada aytgan edingizki, turli imon-u e’tiqodlar tog‘ yonbag‘irlari kabi baland bir cho‘qqiga yetganda birlashurlar. Ana shu ma’naviy yuksaklikni siz asos solgan yangi maslak deb atasak arzir!
Akbar o‘zini yangi bir maslakning asoschisi qi¬yofasida tasavvur etdi-yu, eti jimirlab, o‘zidan o‘zi seskanib ketdi. Kecha onasini ko‘rgani borganda Ha¬mida begim yana xavotirga tushib aytgan gaplar qulog‘iga qayta eshitilganday bo‘ldi: «Shayx Muborak sizni «mahdiy» deb ishontirib, Bhirada ne ko‘ylarga solgani yodingizdan chiqdimi, shoh o‘g‘lim?».
— Xotirjam bo‘ling, onajon, o‘g‘lingiz u ko‘cha¬larga qaytib kirmagay. Men o‘zimning mahdiy ham, payg‘ambar ham emasligimga allaqachon imon keltirganmen. Shuning uchun faqat bosh faqihlik — mujtahidlik unvonini qabul qilganmen, xolos.
— Akbarjon, Siz podsholig‘-u sarkardalik yukini qiynalib ko‘tarib yurganingiz ozmiki, shayx Muborak yangi maslakning og‘irini ham sizning yelkangizga ortmoqchi?
Onasining kuyunib bergan bu savoliga Akbar hali javob topa olgani yo‘q. U yangi maslakning og‘ir yukini yelkasiga olishga yuragi betlamay Qosim Kohiy¬ga yuzlandi:
— Mavlono, siz ko‘pni ko‘rgan siymosiz, bizga maslahat bering.
— Faqirdan maslahat so‘raganingiz uchun tashakkur, hazratim! Salkam yetmish yil Turon-u,  Xu¬roson-u, Kobulda yashadim, ellik yildan beri Sind-u Hindda istiqomat qilmoqdamen. Aqlimni taniganimdan buyon men jahonni kezib, goh adashib, goh turtinib, ruhim yayraydigan ma’naviy bir manzil izladim. Nihoyat, yoshim yuzdan oshganda yetib kelgan eng oliy ma’naviy manzilim — siz hozir rahbari bo‘lgan mana shu tabarruk davra bo‘ldi. Umr bo‘yi meni ruhoniylar istibdodi qiynab kelar edi. Siz shu istibdodni yo‘qotganingizdan beri ruhim yayramoqda.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:45:33
Ammo bu istibdodnnig ketidan kun ko‘rgan, boy bo‘lgan, martaba orttirgan ulkan bir guruh ulamo-yu mulla imomlar bor, ular alamzada bo‘lib, qasd olishni o‘ylab yuribdir. Ular uchun bid’at-u xurofot — bamisoli borut solingan ombor. Shunday bir tayyorlik ko‘rmoq kerakki, yangi ta’limotingiz e’lon qilinganda g‘animlaringiz uning uchqunlari bilan borut omborini portlata olmaydigan bo‘lsinlar.
— Rahmat sizga, mavlono, mening dilimdagi gapni aytdingiz! — deb Akbar Kohiyning fikrini davom ettira boshladi: — Faqat ichkarida emas, qo‘shni mamlakatlarda ham muxoliflarimiz bizning xudodan qaytganligimiz haqida dod-voy ko‘tarmoqdalar. Erondan safaviylar, Turondan shayboniyzodalar bizga elchilar yuborib: «Islomdan voz kechganingiz rostmi?» degan ma’noda savollar bermoqdalar. Biz ham ularga elchilar yuborib, «alhamdulillo muslimmiz» degan mazmunda javoblar yozdik. Bizga qarshi ko‘tarilgan xuruj¬lar hali-beri bosilmagay. Vi¬loyat¬lardan kelayotgan maxfiy axbrotlar vaziyat niho¬yatda murakkabligidan dalolat bermoqda. Shu¬ning uchun yangi ta’limotni kattaroq tayyorlik bilan qulay bir vaziyat kelganda joriy etaylik. Hozircha uni mana shu davradagilar o‘z di¬limizga jo qilaylik. Axir chin ix¬los-u e’tiqod avvalo dilda yashamog‘i kerak-ku.
— Haq gap! — dedi Abulfazl.
Endi shayx Muborak ham Akbarning so‘nggi fikriga qo‘shilishga majbur bo‘ldi.

____________
* Tepamda filbonim o‘ltirmasa, men ham shu filga o‘xshab borgan jo¬yimda boshimga tuproq sochib izdan chiqaman. Filbonim boshim ustida etagini hilpiratib, meni choptirsa, unga ishqim ortadi.
* Tarjimasi: Mast filga o‘xshab har zamon jo‘shu xurush qilgim kelur
        Yashirin rozlarimni oshkor qilgim kelur.
        Lekin yana aytaman: ishqning pinhon hadisi xushroqdir,
        Fillar kabi tilimni tiyibroq yurganim yaxshiroqdir.
* O‘ t r u m i z  —  qarshimiz, ro‘paramiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:45:51
* * *

Akbar o‘z maslakdoshlariga mukofotlar bergan o‘sha kezlarda shayx Abdunabi uning qahriga uch¬radi.
Besh qo‘lini og‘ziga tiqqan bu badnafs shayx vaqflardan tushgan va haj qiluvchilar uchun ajratilgan pullarning katta bir qismini o‘z sandig‘iga solib olgani aniqlandi. Jinoyatlari bo‘yniga qo‘yilgach, Akbar uni hibs qildirdi. Hibsxonada ham shayx Abdunabining dushmanlari bor ekan. Sadri jahon qatl ettirgan begunoh odamlardan birining o‘g‘li shu yerda qorovul ekan. Boshqa qasoskorlar shayxning qayerda yotganini shu qorovul orqali biladilar. Bu qasoskorlar orasida masjid oldidagi taxtalarni butxona qurilishiga ishlatgani uchun qatl ettirilgan va uchta yosh xotini «sati» odati bo‘yicha o‘zlarini yondirib o‘ldirgan brahmanning qarindoshlari ham bor edi. Qasoskor olomon haligi qorovul yordamida kechasi hibsxonaga bostirib kirdi-da, shayx Abdunabini toshbo‘ron qilib o‘ldirib ketdi.
Ansoriy va shayx Abdunabi boshqarib turgan ula¬mo-yu, qozi-yu muxtasiblar ipi uzilgan tasbeh do¬nalari kabi turli tomonga tirqirab, sarosima va g‘ul¬g‘ula ichida qoldilar. Jizya solig‘i olib boyishga, majusiylarni qul qilib sotishga imkon beradigan diniy istibdod binolari xuddi zilzilaga uchragan eski uylarday birma-bir qulab tusha boshladi.
Zilzila paytida hamma o‘zini noxush sezgani kabi, shu istibdod orqasidan kun ko‘rib kelgan katta guruhning yiqilib-surunib talvasa qilishlari ko‘pchilik saroy ahlida, hatto Akbarning norasida o‘g‘illarida ham og‘ir va murakkab tuyg‘ular uyg‘otdi.
Endi o‘n bir yoshga kirgan shahzoda Salim haddan ortiq o‘ychan va kamgap bo‘lib qoldi. Uning muallimi Farid Buxoriy Akbar huzuriga kirib arz qildi:
— Hazratim, shahzodaning ruhiy holatlaridan xavotirdamiz. Soatlar davomida yolg‘iz o‘ltirib o‘y suradilar. Ilgari ko‘p kitob o‘qir edilar. Hozir kitob ham o‘qimay qo‘ydilar. Ehtimol, shahzodani ovga olib bormoq zarurdir?
— Mavlono, biz ovni taqiq etganimiz yodingizda bormi?
— Yodimda, hazratim! Ammo ota-bobolaringiz o‘smirlikdan ot chopib, ov qilib o‘rganganlar. Qon bilan o‘tgan bu odatni o‘g‘lingiz ham tark etmaganlari ma’qulmikin?
— Men ovni tark etdim-ku. Endi biz chiqargan farmonni o‘g‘limiz buzsa odamlar ne degay! Salim yolg‘iz o‘ltirib o‘y sursa, xalaqit bermang. Demak, unda fikr-mulohaza uyg‘ongan. O‘zi bilan o‘zi musohaba-yu murokaba qilsin.
— Xo‘p, hazratim, xo‘p! — deb, Farid Buxoriy ta’zim qilganicha chiqib ketdi. Ammo ichida: «Oqibatiga o‘zingiz javobgarsiz!» deb qo‘ydi.
Atrofida bo‘layotgan ma’naviy zilzilani va murak¬kab ziddiyatlarni Salimning yosh idroki hazm qilolmas, otasi esa o‘g‘li bilan dildan suhbatlashishga va nima bo‘layotganini unga yaxshilab tushuntirishga vaqt topolmasdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:46:06
— Hazratimga mujtahidlikning ne keragi bor? — deb mavlono Farid og‘ir uf tortdi.
Bir vaqtlar u ham Akbarga bag‘ishlab she’rlar yozgan edi. Yaxshi g‘azal va ruboiylari bo‘lgani uchun mavlono Farid sohibqalam shoir hisoblanardi. Gujarat yurishida qirq kunlik yo‘lni Akbar bilan to‘qqiz kunda bosib o‘tgan va Muzaffar Husayn mirzoga qarshi urushda bir o‘zi to‘rtta yov navkarini qilich bilan urib yiqitgan dovyurak odam ham shu Farid Buxoriy edi. Akbar uni «sohibi sayf va qalam» deb maqtab, Farid Buxoriyga mavlonolik unvonini bergan va Salimga tarbiyachi muallim qilib qo‘ygan edi.
Biroq mavlono Faridning shayx Muborak bilan sozi kelishmas, Salimga sirdoshlarcha shivirlab:
— Hazratimni shu shayx ikki o‘g‘li bilan butunlay o‘zlariniki qilib olmoqdalar! — dedi. — «Dohiy», «mahdiy», «mujtahid» — hammasini shular o‘ylab chiqarmishdir. Katta o‘g‘li Fayzi Fayoziy hazratim haqida doston yozib ulkan mukofotlar oldi. Kichik o‘g‘li Abulfazl eng birinchi vazir. Shayx Muborakning o‘zi ashaddiy dushmanlari bo‘lgan ansoriylarni hazratimning yordamida yo‘q qilib qasd oldilar. Bo‘ldi-da endi!
Bu gaplar ta’sirida Salim otasini Shayx Muborak va Abulfazldan qizg‘anadigan bo‘lib borar edi.
Salim otasining diydoriga to‘ymay o‘sayotgan bo‘lsa, mavlono Farid farzandga zor edi. U uch marta uylangan, lekin farzand ko‘rmagan, yoshi qirqdan oshgandan so‘ng taqdirga tan bergan. Endi Salimni o‘ziga farzandday yaqin olib, dilida qatlanib yotgan otalik mehrini butunicha unga sarf qilar edi. O‘smirlarda bo‘ladigan ishonuvchanlik va ota mehriga tashnalik tufayli Salim ham mavlono Faridning mehriga dilini ochib berar va uni o‘zining eng yaqin sirdoshi deb bilardi.
— Amirzodam, endi siz Abulfazldan ehtiyot bo‘ling, — derdi. — Hazrat otangiz shu vazirning maslahatiga kirib, kofir farangilarni saroyga ishga olmoqchi emishlar. Padrelar siz bilan shahzoda Murodga muallim bo‘lib, farangi tilini o‘rgatarmish!
Shayx Farid bu gap bilan Salimni cho‘chitmoqchi edi. Salim boshqa bir olamdan kelgan, kiyimlari ham, yurish-turishlari-yu gapirishlari ham o‘zgacha bo‘lgan farangilarga o‘smirlarcha bir qiziqish bilan qarar edi. Shayx Farid o‘nta gapirganda bitta ham javob aytmay, o‘ychan va xomush yurgan Salim ustozining so‘nggi gapidan allanechuk tetiklandi:
— Qachon... saboq berarmish? — deb so‘radi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:46:20
— Sarmunshi Naqibxon aytdi. Ehtimol, erta-indin hazratim sizni chaqirib qolarlar... Kofirdan til o‘rga¬nishga rozi bo‘lurmisiz, amirzodam?
— Farangilar forsiy tilda so‘zlarmishlar-ku. Gap¬larini eshitib ko‘ray. G‘aroyib sarguzashtlarni bilar¬mishlar.
— Ammo sarguzasht aytish bahonasi bilan, sizni o‘z dinlariga... o‘tkazib olsalar-chi?
Salim endi xiyol kulimsiradi:
— Siz menga bergan ta’limlarni dilda mahkam tutgaymen, mavlono. Bobolar e’tiqodiga sodiqmen!
Farid Buxoriy Salimga turkiy tildan dars bergan, Navoiy, Bobur she’rlaridan yuzlab satr yod oldirgan, shular ta’sirida Salimda ulug‘ bobolariga kuchli bir ehtirom paydo bo‘lgan edi. Ayni vaqtda, Farid Bu¬xoriy Salimni hind onasi-yu tog‘alari ta’siridan ham uzib olishga intilardi. Salimning tog‘alari Man Sinx va Bhagvan Das botir jangchilar bo‘lsa ham, Ulug‘bek, Bobur kabi noyob kitoblar yozgan emaslar. Shuning uchun Salim ulardan ko‘ra ota ajdodlariga o‘zini yaqinroq oladi va ularning ma’naviy merosiga qalbini kengroq ochadi. Agar Salimni «tog‘alariga tortibdi» deyishsa, izzat-nafsiga tegadi, chunki bu uni yarim hind, yarim muslim qilib ikkiga bo‘lib maydalashtiradigan va yarimta-yurimta qilib ko‘rsatadigandek tuyuladi. U Farid Buxoriy ta’sirida temuriy bobolarining udumini otasidan ham mahkamroq tutishga intiladi. Ustozi ham shu boisdan uni o‘z farzandiday astoydil yaxshi ko‘radi.
— Amirzodam, men aytgan gaplar oramizda qolsin, farangi muallim haqidagi sirni mendan eshitganingizni hazrat otangiz zinhor bilmasinlar.
— Nechun?
— Axir bu hali maxfiy gap. Sirni oshkor qilganim uchun jazo bermoqlari mumkin. Mening ham dushmanlarim ko‘p. Ayniqsa, hamshahrim Ahmad Buxoriy payt topsa, meni ham marhum Ansoriyga o‘xshatib yo‘q qilgay.
Salim otaning sodiq shogirdi bo‘lgan Ahmad Bu¬xoriy hozir shayx Muborak va Abulfazlning eng yaqin maslakdoshiga aylangan, Farid Buxoriy va ular¬ning yashirin dushmani edi. Ikkita buxorolikning o‘t bilan suvday kelisholmasligi Salimni ham hayratga solardi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:46:53
Ertasi kuni Akbar Salimni o‘zining xonayi xosiga chaqirtirib, farangi tilini o‘rganish haqida gap ochganda, shahzoda o‘z ustozining sirini yashirish uchun hech narsadan xabari yo‘qday jim quloq soldi.
— O‘g‘lim, sen nuqul kitob mutolaasiga berilib, xomush yurgan emishsan. Uzoq yurtlarga borging kelgaymi? Hind ummonida kemalarda suzib sayohat qi¬lishni istaysenmi?
Salim birdan jonlanib:
— Istaymen! — dedi.
— Men Goa oroliga kemada suzib borganim hech esimdan chiqmaydir. Farangilarning zo‘r kemalari bor ekan. Bizda hali bunday quvvayi bahriya yo‘q. Shu¬ning uchun biz bosqinchi farangilarni Hindiston qirg‘og‘idan uloqtirib tashlashga hamon ojizmiz. Yog‘iydan kuchliroq bo‘lish uchun uning ichki sirla¬rini bilmoq kerak, tajribasini o‘rganmoq zarur. Farangi padrelarni men ana shu maqsadda saroyimga cha¬qirdim. Kaltabin odamlar bizni «Nasora diniga o‘tmoqchi emish!» deb bemaza mish-mishlar tarqatib yurganidan qo‘rqma. Farangilarnnig kema qurishdagi tajribalarini, butun ilm-u ma’rifatini bilmoq uchun ularning tillarini o‘rganmog‘imiz kerak. Shu maqsadda ining Murodni ham chaqirganmen!
Akbar qarsak chalib sarmunshiga buyurdi:
— Murod kirsin!
Ikki o‘g‘li yonma-yon turganda Akbar ularning farqlariga xiyol taajjublanib ko‘z tashladi. Salim ona¬sidek qorachadan kelgan, o‘n ikki yoshida bo‘yi cho‘¬zilib otasiga tenglashib qolgan, yelkalari tog‘ala¬rinikidek keng, mo‘ylabi erta sabza urgan. o‘n bir yashar Murodning soch va qosh mo‘ylari qizg‘ish ol¬tinrang, yuzi ra’no guliday oq-sarg‘ish, ko‘zlari esa tiniq zangori rangda. Murod ona tomonidan ham boburiy bo‘lgani uchun barloslarda ko‘p uchraydigan qizg‘ish soch va zangori ko‘z unga meros o‘tgan edi. Fe’li ham Salimnikidan boshqacha — o‘y surib o‘tirishni suymaydi, simobday serharakat, sho‘x. Goh chavandozlikni, goh qilichbozlikni mashq qiladi, merganligi ham bor, suvda suzishga ham ishqiboz, Jamnaning u qir¬g‘og‘idan bunisiga suzib o‘tganini Akbar o‘zi ko‘rgan.
Akbar o‘g‘illarini ikki yoniga o‘tkazdi-yu, Murod bilan avval turkiy tilda, so‘ng forscha va hindcha gaplashib ko‘rdi. O‘g‘li hindchani hali uncha erkin gaplasholmasligini payqadi-da:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:47:19
— O‘rganmog‘ing kerak! — dedi. — Hindiston bizning vatanimiz. Hind ulusining tilini bilmog‘ing — ham qarz, ham farz. Har bir o‘rgangan tiling — se¬ning qalb boyligingdir. Mana, bizga kelgan farangilar forscha, hindcha bemalol so‘zlashurlar. Biz esa ular¬ning tilini bilmaydirmiz. Holbuki, ularda ham kitob ko‘p, ma’rifat ulkan. Lekin ba’zilar: «Nasoralar — kofirdir, ularning tillarini o‘rganish gunoh», deydir. Sen qanday fikrdasen, Murod?
Murodning tarbiyachisi, ustozi shoir Fayziy edi. Shahzoda Fayziydan bani bashar haqida olgan saboq¬lariga suyanib:
— Nasoralar ham Odam Atodan tarqagan-ku, — dedi.
— Albatta-da! — quvonib xitob qildi Akbar. — Biz jahon miqyosiga chiqmoq uchun barcha qit’alarning ilm-u  san’atiga bag‘rimizni dadil ochmog‘imiz kerak, o‘g‘illarim! Buning uchun avvalo, dunyo tillarini o‘rganmog‘imiz zarur. Padrelar bizga Ovrupo degan qit’ada qancha mamlakat-u qancha ulus borligini so‘zlab berdilar. Ko‘pchiligimiz ularni bilmaganimiz uchun hammasini «farangi»lar deb yurar ekanmiz. Ovrupodan narida Amerika degan yana bir yangi qit’a kashf etilmishdir. Ummon bo‘ylab kemada suzganda o‘sha qit’aga olti oyda yetib bormoq mumkin ekan. Farangilar qilgan ulug‘ jug‘rofiy kashfiyotlarni hali hech bir mamlakat qilmagan ekan. So‘zlab beraversalar, «Ming bir kecha» ertaklaridan ham maroqlidir!
Akbar o‘g‘illarini farangi tiliga shu tarzda qiziqtirgandan so‘ng padrelarning oldiga dastlabki mashg‘ulotga yubordi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:47:49
*  *  *

Asli kataloniyalik ispan bo‘lgan Antoni Monserrate qirq besh yoshlarda. Millati italyan Rudolf Akvaviva esa hali o‘ttizga kirmagan baquvvat yigit. Akbar saroyida Monserrateni yoshi kattaroq bo‘lgani uchun farangilarning boshlig‘i deb ko‘proq ehtirom qilishadi. Lekin aslida Akvaviva Monserratega rahbar qilib yuborilgan edi. Chunki Rudolfning tog‘asi Goa oro¬lidagi barcha cherkovlarning peshvosi. Portugaliya qiroli ham Hindiston ishlarida Akvavivani o‘ziga sodiqroq deb biladi. Iezuitlar sulukatida Rudolf eng imtiyozli va fidoyi guruh hisoblanadigan martirlar safiga qabul qilingan. Martirlar o‘z jonlarini katolik cherkovi uchun qurbon etishga qasamyod qiladilar. Ular iezuitlar orasidagi bo‘lajak shahidlar sifatida yuksak obro‘ga ega bo‘ladilar.
Akbar buni bilmasa ham, Akvavivaning o‘z diniga haddan ortiq berilgan qiziqqonroq ruhoniy ekanini sezgan; «ehtimol, yosh bo‘lgani uchun aqli uncha quyulmagandir», deb o‘ylagan va mulohazakor, bosiq Monserrateni undan afzal ko‘rib, muallimlikka taklif qilgan edi.
Monserrate shahzodalarga til o‘rgatish uchun borayotganda Akvaviva unga iezuitlar sulukati nomidan ko‘rsatma berdi:
— Sizning muqaddas burchingiz — saratsin* shahzodalarini katolik diniga o‘tkazmoqdir.
— Akbar barcha dinlarni barobar deb e’lon qilganda biz odamlarni bir dindan ikkinchisiga o‘tkazishimiz ne kerak padre? Axir biz, yevropaliklar, osiyoliklardan orqada emas, oldinda yurmog‘imiz zarur emasmi?
— Oldinda yurganimiz uchun ham ularni o‘zimizga ergashtirmog‘imiz kerak, Antoni! Men qirolga yozgan maktubimda «Akbar «Injil»ni ko‘ziga surib o‘pgani — nasora diniga moyilligini ko‘rsatdi», dedim. Agar biz mahorat bilan ish olib borsak, bu saratsin podshosini o‘z dinimizga o‘tkazishimiz aniq!
Antoni Rudolfning bu niyati xomxayol ekanini sezib turardi. Hatto jo‘n bir tuxumni yorib chiqqan jo‘ja ham shu tuxumning qobig‘iga qaytib kirolmaydi-ku. Antonining tasavvurida ulkan burgutga o‘xshab uchayotgan Akbar qanday qilib katolik dinining qobig‘iga kirsin!
Monserrate mustaqil fikr yuritishni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, katolik cherkovining inkivizitsiyasi o‘rnatgan shafqatsiz istibdoddan juda qo‘rqar edi. Agar Akvaviva uni «katolik cherkoviga xiyonat qilgan dahriy» deb, inkvizitsiyani bunga ishontirsa, Antoni qaytib borganda uni o‘tga tashlab o‘ldirishlari muqarrar edi. Akbar o‘z yurtida mana shunaqa diniy istibdodni ag‘darib tashlagani Antoniga ma’naviy kamolotday tuyulmoqda edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:48:24
Portugaliya uchun bunday ma’naviy kamolot hali oldinda ekanini* u ich-ichidan sezardi. Shuning uchun Monserrate axiyri Akvavivaning talablariga yon berishga majbur bo‘ldi. Akbarni va uning o‘g‘lini katolik diniga o‘tkazish orqali butun Hindistonni Portugaliyaning mulkiga aylantirish maqsadida ish olib borajagini Akvavivaga ahd-paymon tarzida aytdi. Shundan keyin Akvaviva unga Akbarning harbiy sirlarini qanday bilish kerakligi to‘g‘risida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsata boshladi.
Monserrate josuslikdan hazar qilar edi:
— Padre, men harbiy odam emasmen! — dedi.
— Bo‘lmasa Albert Pereyro doim sizning yoningizda yursin. «Yordamchi xalfam» deb tanishtiring. Domlaning xalfasi bo‘lishi shart, saratsinlarda shunday qoida bor. Pereyro birga yursa, qolgan ishni o‘zi eplagay.
O‘ttiz yoshlardagi  xushmuomala, chaqqon yigit Albert Pereyro Goadan padrelar bilan birga kelgan, hozir ham ularni qo‘riqlab yuribdi. Bu yigit bir vaqtlar Humoyun saroyiga kelgan Alvaro Pakaviraning jiyani. Uning asli oti Albert Pakavira. Lekin Akbar Goaga borganda Alvaro Pakavirani suiqasdga qatnashishda ayblagani uchun uning jiyani bu yerga ke¬lishda familiyasini «Pereyro» qilib o‘zgaratirib oldi. Aslida Albert ham Pakaviraning tarbiyasini olgan, uning maxfiy ishlarini davom ettirish uchun hind va fors tillarini o‘rgangan. Qilichbozlik, merganlik, chavandozlik, suvda suzish bo‘yicha Goada unga teng keladigan yigit kam.
Monserrate o‘zi josuslik qilgisi kelmagani uchun Albertni xalfa o‘rnida shahzodalarning oldiga birga olib bordi.

Farangi tili mashg‘ulotlari shahzoda Salimga zerikarli tuyulsa ham, ammo Albert Pereyroning de¬ngiz sayohatlari haqidagi hikoyalari unga qiziqarli tuyula boshladi. Pereyro o‘ng olti yoshidan beri de¬ngizda ko‘p suzgan, yer kurrasini aylanib chiqqan Ma-gellanning tarixini yaxshi bilar, Kolumb Hin¬distonga boraman deb adashib, Amerikani qanday ochganini kulgili tarzda hikoya qilardi. Pereyroning dengiz qa¬roq¬chilari haqida aytib bergan qo‘rqinchli hikoyalaridan esa Salimning sochi go‘yo tikka bo‘lib ketardi. Albert Pereyroning merganligi va chavandozligi ham Salimga yoqib qoldi. Shahzoda uni «Alibek» deb chaqiradigan bo‘ldi. Monserratening saboqlari tugagandan so‘ng Salim Albertni o‘zining xonayi xosiga boshlab kirdi. Hindistonning issiq iqlimida Salim juda tez balog‘atga yetgani uning do‘rillagan ovozidan va lab ustida sabza urgan mayin tuklaridan sezilar edi. Xonayi xosda yolg‘iz o‘ltirganlarida Albert farangi qizlarning go‘zal badanlari va noz-u karashmalaridan so‘z ochdi. Bu mavzu Salimni g‘oyat qiziqtirib qo‘yganini sezgach:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:48:45
— Amirzoda, — dedi, — agar hech kimga aytmasangiz, bitta surat ko‘rsatgaymen.
— Sir saqlashga qodirmen! Bu yerda faqat ikkimiz. Qani, ko‘rsating.
Albert qo‘ynidagi yashirin cho‘ntakdan charm ichida avaylab, asralgan kaftday bir rangli surat oldi. Bu suratda hozirgina cho‘milib chiqqan go‘zal bir qizning oppoq sonlari, bo‘liq ko‘kraklari shunday tasvirlangan ediki, Salim suratga tikilib turib entikib ketdi... U Albert Pereyroga bir hamyon oltin berib, bu suratni sotib oldi.
Pereyro uchun eng muhimi — oralarida paydo bo‘lgan yaqinlik edi. U shahzodaga bundan ham g‘alatiroq suratlar topib kelishga va’da berdi...

____________
* S a r a t s i n — portugalcha «musulmon» degani.
* Hatto Fransiyada ruhoniylar istibdodi va erkin fikrli kishilarni o‘tga tashlab o‘ldiruvchi inkvizitsiyaning shafqatsizliklari Volter yashagan XVIII asrgacha davom etgani tarixdan ma’lum.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:49:12
*  *  *

Farangistonlik Antoni Monserratening saroyga ishga olingani va shahzodalarga saboq berayotgani atrof viloyatlariga: «podshomiz o‘g‘illarini nasora diniga o‘tkazmoqchi emish!» degan vahimali ovozalar tarzida tarqaldi. Akbar bu ovozalarni bosish uchun sulhi kull nimaligini xalqqa tushuntiruvchi maxsus murojaatnoma yozdirib, uni barcha shahar-u qishloq¬larda o‘qib eshittirishni buyurdi.
«Biz Hindistondagi barcha uluslarning ichki urushsiz, tinch yashashlarini istab, hamma tomonlama tinchlik — sulhi kull siyosatini amalga oshirmoqda¬miz, — deyilgandi murojaatda: — Odamlarga — tinchlik, saltanatga — xavfsizlik, barcha imon-u e’tiqodlarga — barobar ehtirom!»
Akbar o‘zining bu shioriga qanday amal qilayotganini ko‘rsatish uchun har kuni ertalab ufq ortidan chiqib kelayotgan oftobni ta’zim bilan kutib olardi. Otashparastlarning bu odati tog‘liq joylarda yashaydigan ko‘pgina hind qabilalarida ham saqlanib qolgan edi. Otashparast turkiy ellardan qolgan va Akbarga juda ma’qul tushgan yana bir odat — oqshom qorong‘i tusha boshlaganda chiroqlarni «o‘t og‘asi» deb ataladigan oila yoki qabila boshlig‘ining yoqib berishi edi. Akbar oqshom g‘ira-shirasida saroyni yoritadigan birinchi shamni o‘zi yoqib berar edi. Saroyda chiroqlarga qaraydigan maxsus xizmatkorlar Akbar yondirgan shu mitti olov bilan ulkan saroydagi yuzlab qandillar shamini birma-bir yoqib chiqar edilar.
Gujaratlik otashparast Mexerji Akbarga uch popukli chiroyli kamar taqdim qilgan edi. Kamardagi uch popuk uchta fazilat ramzi sanalardi: biri — «pindori xub», ya’ni yaxshi o‘y, niyat, ikkinchisi — «guf¬tori xub», ya’ni yaxshi so‘z, kalom, uchinchisi — «kirdori xub», ya’ni yaxshi ish, axloq. Bu uch fazilat go‘yo bir kamarga bog‘lanib, insonda birga yursa, o‘y, so‘z, ish bir-biridan ajralib qolmasa, murod hosil bo‘lishi Akbar intilayotgan eng baland ma’naviy yuksaklik edi. Shuning uchun uch popukli kamarni chorshanbayi murodbaxsh kunlarida beliga bog‘lab yurardi.
Hindlar peshonaga qo‘yib yuradigan tilak — qizil xol ham eng ezgu-niyatlar timsoli hisoblanardi. Akbar hindlarning imon va e’tiqodlarini ham astoydil hurmat qilishini ko‘rsatish uchun seshanba kuni hindcha kiyinib, peshonasiga qizil xol — tilak qo‘ydirib saroyda ko‘pchilikka ko‘rinish berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:49:57
Bu hodisa mamlakat aholisi orasida: «Podsho hind dinini qabul qilganmish!» degan ovoza tarzida yashin tezligida tarqaldi. Hindlar bu ovozadan quvonib, Akbarni «maxaguru», ya’ni «ulug‘ pir» deb e’zozlaganlari sari mutassib shayxlar uning majusiy bo‘lganiga johil odamlarni ishontira boshladilar. Bir vaqtlar shayx Ansoriyga tarafdor bo‘lgan va Agradan Jaun¬purga surgun qilingan shayx Muhammad Yazdiy Ganga bo‘yida turib Akbarga qarshi isyon boshladi. U ulamo va shayxlar nomidan fatvo yozib, Akbarni «dahriy», «majusiy», «otashparast», «kofir» deb ming maqomga solib aybladi. «Bunday odam musulmon davlatiga podsho bo‘la olmagay!» deb, Jaunpurdagi masjidda va’z aytdi. Uning va’ziga ko‘pchilik qavmlari ham qo‘shilgandan keyin, Muhammad Yazdiy Akbarning Kobuldagi inisi Muhammad Hakimga odam yubordi. Muhammad Hakim ham Akbarning «Sulhi kulliga» qarshi ekanini aytib, isyonchilarga yon bosgach, Muhammad Yazdiy Jaunpurning jome masjidida o‘qilgan xutbadan Akbarning nomini oldirib tashladi. Uning o‘rniga Muhammad Hakimni Hindiston podshosi deb e’lon qilib, nomini xutbaga qo‘shib o‘qitdi.
Bixar va Bangolada markaziy davlatdan ajralib chiqishga va yana mustaqil hokimiyat tuzishga tashna bo‘lgan afg‘on amirlari bor edi. Ular darhol Mu¬hammad Yazdiy boshlagan isyonga qo‘shildilar.
Muhammad Yazdiy bu xabarlarni o‘z tarafdorlari yordamida Gujaratga, Malvaga, Panjob va Kobulga tarqatdi. Bu viloyatlarda ham Akbarning dahriyligiga ishonuvchilar ko‘p edi. Endi ularning orasida ham Akbarni taxtdan ag‘darish haqidagi va’zlar, musulmonlarni g‘azotga undovchi xitoblar yangray bosh¬ladi.
Gujaratda haligacha Akbarga qarshi kurashib yurgan Muzaffarshoh ham Akbarning o‘rniga ukasini taxtga chiqarish harakatiga tushib, Kobulga maxsus vakillar yubordi. Turondagi Abdullaxondan Kobulga kelgan elchilar ham endi faqat Muhammad Hakim Hindiston podshosi bo‘lishi kerakligini uning qulog‘iga quydilar.
Ko‘pdan beri shuni istab yurgan Muhammad Hakim katta qo‘shin to‘pladi-yu, dindan qaytgan akasiga qarshi g‘azot e’lon qilib, Hindiston tomonga yurish boshladi.
Akbarning o‘zi qo‘zg‘atgan ma’naviy zilzila uning toj-u taxtini ham silkita boshlagach, oyoqda mustahkam turish qiyin bo‘lib qoldi, saroyda vahima boshlandi. Akbar eng sodiq odamlarini atrofiga to‘plab:
— Kim haqiqiy do‘st ekani endi bilingay! — dedi. Todar Mal bir qism qo‘shin bilan Bixarga, Aziz ko‘ka— Gujaratga, Man Sinx — Panjobga jo‘nadi. Akbarning o‘zi esa eng katta xavfga aylangan Muhammad Hakimga qarshi qo‘shin tortdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:51:34
L A X O‘ R ,  K O B U L
DO‘STDAN KO‘P DUSHMAN

Hindikush tog‘laridan tushib kelayotgan Kobul daryosi tor tangilardan o‘tib, janubga shoshiladi. Hi¬molay tog‘laridan boshlanadigan Hind daryosi sharqdan Panjob tekisligiga otilib tushadi-da, Peshovarning kunbotish tomonida Kobul daryosi bilan qo‘shilib, ayqashib ketadi.
Akbardan to‘rt yosh kichik bo‘lgan inisi Muhammad Hakim milodiy 1581-yilda mana shu daryolardan o‘tib, Panjobga yigirma besh ming qo‘shin bilan bostirib kirdi. Bu yerda uni Akbarning islohotlaridan norozi bo‘lgan shayxlar va ularning qavmlari quchoq ochib kutib oldilar. Muhammad Hakim Laxo‘rni yo‘lakay ishg‘ol qilish umidida edi. Masjidlarda shovqin-suron ko‘tarib, Akbarni dinsizlikda ayblab yurgan imomlar Muhammad Hakimni allaqachon podsho e’lon qilib, nomini xutbaga qo‘shib o‘qitmoqda edilar.
Lekin Panjob aholisining ko‘pchiligi bu diniy isyon¬ga qo‘shilmay sukut saqlab turadi. Chunki Panjobda ham musulmonlardan ko‘ra g‘ayridinlar ko‘p, ular jizya solig‘ining bekor qilinganidan mamnun, Akbarning barcha imon-u e’tiqodlarni teng¬lashtirishga intilayotgani ko‘pchilikka manzur.
Ravi daryosining baland qirg‘og‘ida turgan va so‘nggi o‘n yil ichida devorlari qaytadan mustahkamlatilgan Laxo‘r qal’asini Man Sinx boshliq qo‘riqchi askarlar ichkaridan mahkam bekitib oldilar.
Bu orada Akbar qirq besh ming otliq qo‘shin, besh ming fil, o‘n ming piyoda askar bilan Dehli va Panipatdan o‘tib, Panjobga yaqinlasha boshladi.
Qo‘shin safida uning o‘g‘illari Salim va Murod bilan birga farangi tili muallimi Antoni Monserrate ham o‘z xalfasi Albert Pereyro hamrohligida kelmoqda. Rudolf Akvavivani Akbar Fathpurda qoldirdi — bu padrening nasora dinini haddan ortiq ehtiros bilan maqtashlari unga xush kelmadi.
Albert Pereyro esa Salimga gohi-gohida portugal harbiy kemalarining suratlarini chizib ko‘rsatadi va uni amiral bahr bo‘lishga qiziqtiradi. Albert bu ishlarni ataylab shahzodaning atrofidagi odamlarning ko‘zi oldida qiladi. Chunki u ketiga maxsus poyloqchi qo‘yilganini, Pereyro va Monserratening nimalar qilayotganini Akbarga yetkazib turuvchi xufiyalar borligini biladi.
Akbarning asl maqsadi ham farangilarning quvvayi bahriyalariga oid tajribalarini o‘g‘illariga o‘rgatish bo‘lganligi uchun Albert Pereyroning Salim bilan dengiz va kema mavzularida uzoq-uzoq suhbatlashishlariga yo‘l berib qo‘ygan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:52:42
Monserrate esa shahzodalarga til o‘rgatishdan vaqt orttirganda chodirda o‘ltirib esdaliklar yozib boradi. U hali hech bir farangi umrida ko‘rmagan joylarni ko‘rayotgani, Akbarday ulug‘ sarkardaning harbiy yuri¬shiga ishtirok etayotgani uchun o‘z toleyidan mamnun. Monserrate Yevropa uchun hali butunlay noma’lum bo‘lgan bu yerdagi hayot tarzini va Akbar shaxsiga oid o‘z taassurotlarini yozib bormoqda. Portugaliyada o‘sha davrlarda esdaliklarni «Kommentariya», ya’ni «Izohlar» — degan sarlavha bilan yozish odat bo‘lgan edi. Monserrate ham o‘z esdalik daftarini shu nom bilan atadi. Akbar padrelarni har haftada bir marta qabul qilib, uzoq-uzoq suhbatlashgan edi. Monser¬rate Akbar¬ning qalbi his-tuyg‘ularga boyli¬gini suhbat paytida ko‘zlaridan ham sezdi. Akbarning ko‘zlari unga dengiz to‘lqinlarining quyosh nurla¬rida jilvalanishini eslatgan paytlari bo‘ldi. Bu ko‘zlarda dengizning teranligi ham, bag‘ri kengligi ham, to‘fon paytida dahshatli kuchga aylanib ketishi ham aks etayotganday tuyulardi. Monserrate faqat bir narsani afsus bilan qalamga oldiki, Akbar hazrati isoning umuman otasi bo‘lmaganiga, Bibi Maryam osmondagi ilohiy ruhdan homilador bo‘lganiga hech ishonmadi.
Monserratening butun e’tiqodi esa muqaddas uchlik — ota, o‘g‘il va ilohiy ruh birligiga asoslangan. Cho‘qinganda boshga va ikki yelkaga uch barmoqni tekkizib olish ham shu uchlikni tan olishdan kelib chiqadi. Biroq Akvaviva va Monserratelarning oylar davomida katolik dinini jon-jahdlari bilan targ‘ib qi¬lishlariga qaramay, Akbar bu uchlikni «afsona» deb atadi va tan olmadi.
— Otasiz farzand bo‘lishi mumkin emas! — deb turib oldi.
— Axir biz keltirgan kitobni ko‘zga surtib, o‘pib qabul qildingiz-ku, hazrati oliylari! — dedi Akvaviva iltijo bilan. — Endi muqaddas uchlikni ham tan olib bir marta cho‘qina qolsangiz biz murodga yetgan bo‘lardik.
— Kitob — jaholat tunini quvg‘uvchi chiroqdir,— dedi Akbar. — Shuning uchun men uni nondek e’zozlab ko‘zga surdim. Yetti iqlimdan kelgan haqiqat izlovchilar bilan ibodatxonada yillar davomida suhbatlashdim. Haqiqat turli ellarda turfa liboslar kiyib, bo‘linib-bo‘linib yashamoqda ekani menga endi ayon bo‘ldi. Men uning bo‘laklarini bir qalbda birlashtirmoq uchun «sulhi kull» siyosatini amalga oshirmoqdamen. Cho‘qinish esa haqi¬qatning faqat bir bo‘lagini tan olish, ya’ni sulhi kulldan chekinish bo‘lgay!
Akbarning bu gaplari dindor Monserratega shakkoklik va dahriylik bo‘lib ko‘rindi, esdaliklarida uni lotincha «ateist!» degan so‘z bilan urishib, qora¬lab ham qo‘ydi.
Monserrate daftarining sahifalarini Akbarga oid taassurotlari bilan to‘ldirib borar ekan, yozayotgan esdaliklari yevropalik vatandoshlari uchun kutilmagan bir yangilik bo‘lishini o‘ylab, hayajonli orzular qiladi.
Antoni bu yangi olamni G‘arbda birinchi bo‘lib kashf etsa, uning nomi tarixda qolmaydimi? U o‘zining «Izohlar»ini kitob qilib chiqarsa, faqat Por¬tugaliyada emas, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham odamlar qiziqib o‘qishlari mumkin-ku. Portu-galiya qiroli ham Antonini o‘z saroyiga chaqirib, suhbatlar qilishi turgan gap.*
Monserrate o‘z yurtining eng mashhur odamlaridan biriga aylanishini xayoliga keltirganda yuragi ilhom bilan urib, qalami daftar ustida shahdam harakatlanadi.
Akbar qo‘shinida uni «kofir» deb suymaydiganlar ham oz emas. Lekin shahzodalarga va ularning ixtiyoridagi minglab bek-u navkarlarga farangi mehmonlarni tun-u kun qo‘riqlab yurish topshirilgan. Harbiy yurish paytida til bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazish ham oson emas. Biroq qarorgohda uzoqroq to‘xtab qolsalar, Monserrate ularga ikki-uch soat til o‘rgatadi. Bu ishga Murod ko‘proq qunt qiladi. Shahzoda Salimni esa Albert Pereyroning sarguzasht hikoyalari va «antiqa» suratlari ko‘proq qiziqtiradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:54:02
Albert bu suratlarni ko‘rsatish bahonasida goho Salim bilan uning xos chodirida yolg‘iz qoladi va so‘nggi yangliklarni bilib olishga intiladi. Chunki Akbar qo‘shinidagi odat bo‘yicha, harbiy yurish paytida to‘ng‘ich shahzoda o‘z bek-u a’yonlari bilan podsho yaqinida boradi, qarorgoh tanlanganda ham Salim¬ga Akbar turgan chodirlarning yaqinrog‘idan o‘rin beriladi. Shuning uchun otasiga kelib turgan yangi xabarlarni Salim boshqalardan oldinroq eshitadi.
Sharqdagi isyonni bostirishga yuborilgan Todar Malning chopari bugun qanday yangi gap olib kelganini ham Albert Salimdan eshitdi. Jaunpur va Biharda shayxlar isyoniga qo‘shilgan afg‘on sipohilar xazinadan beriladigan moyananing ozligidan norozi bo‘lib yurgan ekanlar. Todar Mal darhol ularning moyanalarini bir yarim barobar oshirish haqida podshoning nomidan farmon chiqartiradi. Akbar bu farmonni tasdiqlaydi. Shundan so‘ng sharqdagi ko‘pchilik sipohilar Muhammad Yazdiy boshliq bo‘lgan xurofotchilar g‘alayoniga qatnashmay qo‘yadilar. Yakka¬lanib qolgan xurofotchilar Todar Malning qo‘shiniga turish berolmay taslim bo‘ladi. Qozikalon Muham¬mad Yazdiy va uning salaflari bo‘lgan o‘ndan ortiq ruhoniy qo‘lga olinadi. Todar Mal ularni kemalarga solib, suv yo‘li bilan Akbar huzuriga afv so‘rashga yuborgan ekan, Gangada qandaydir falokat yuz beradi-yu, kemadagi Muhammad Yazdiy bilan uning salaflari g‘arq bo‘lib o‘ladilar...
Ertasi kuni kechki payt Pereyro yana Salimning xos chodiriga kirdi-yu:
— Amirzodam, Gangada yuz bergan falokatni men boshqalardan ham eshitdim, — dedi.
— Kema ag‘darilgan ekanmi? Qozikalon nechun g‘arq bo‘libdilar?
— Todar Mal o‘zi ularning bo‘yinlariga tosh bog‘latib Gangaga cho‘ktirgan emish. U haqda hazrat otangizdan Todar Malga maxfiy ishora bo‘lgan ekan.
— Sizga kim aytdi?
Pereyro ovozini pasaytirib dedi:
— Kimligini aytsam... hazrat otangiz jazoga buyurishlari mumkin...
— Otamga bildirmagaymiz. Gap shu yerda qolgay... Chodirda ikkimizdan boshqa hech kim yo‘q-ku!
— Chopar menga tanish edi. Sekrida farangi sovg‘alar bergan edim. «O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim!» deb aytdi.
— Ob-bo sho‘rlik Yazdiy!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:55:00
Muhammad Yazdiy ilgari Agraning taniqli ulamolari orasida yurganda Salim uni bir necha marta ko‘rgan, va’zlarini ham eshitgan edi. Endi Yazdiyning oppoq soqoli Ganga tubidagi loyqalarga botib yotganini ko‘z oldiga keltirganda yosh o‘smirning yuragi bir seskandi. Nahotki otasi shu qadar beshafqat bo‘lsa?!
— Hali bu faqat boshlanishi, — deb davom etdi Albert. — Erta-indin bundan dahshatliroq halokatning guvohi bo‘lursiz, amirzodam.
— Yana ne halokat?
— Mirdevon Shomansur degan bormidi?
Salim qirq yoshlardagi serg‘ayrat, hushmuomala, istarasi issiq moliya vaziri Shomansurni ko‘z oldiga keltirdi. Asli kambag‘al bir oiladan chiqqan Shoman¬surni Akbar tarbiyalab yuksak martabalar bergan edi. Uning hisob-kitobni yaxshi bilishini, moliya bobida iste’dodi tengsizligini ko‘p odam maqtar edi. Hatto Todar Mal ham hisob-kitob ishida unga bas kelolmay qolgani uchun Akbar mirdevonlikni Shomansurga bergan edi. Bundan Todar Malning tarafdorlari norozi bo‘lib yurar edilar. Salim Shomansurning hibsga olinganini kecha eshitgan edi. Yo‘lda kelayotganlarida go‘yo uning josusligi ma’lum bo‘lgan emish. Shoman¬sur Muhammad Hakim bilan maxfiy aloqa o‘rnatgan emish. Uning Muhammad Hakimga yozgan maktubi Panjobdagi janglarda halok bo‘lgan kobullik amir Shodmonning kissasidan topilgan emish. Birov bu gapga ishonsa, birov: «Todar Malning tarafdorlari mirdevonlik lavozimini Shomansurdan tortib olish uchun shu tuhmatni o‘ylab topishgan», deyishardi.
Hozir Pereyro ham shahzoda Salimga shivirlab:
— Amirzodam, Shomansurni qatl ettirmoqchi emishlar! — dedi. — Axir siz adolatni yaxshi ko‘rursiz! Xatni Shomansurning dushmanlari yozib, o‘lgan amirning cho‘ntagiga solib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin emasmi?
— Kim solib qo‘yishi mumkin? — deb so‘radi Salim.
Albert Pereyro Salim bilan Abulfazlning orasi yaxshi emasligini, shahzoda doim podshoga yaqin yuradigan bosh vazirdan otasini qizg‘anishini allaqachon sezgan edi. Endi ularning orasidagi darz ketgan joyga pona urgisi kelib pichirladi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:55:54
— Shomansurni, ayniqsa Abulfazl yomon ko‘rar ekan. Otangiz Shomansurning iste’dodiga qoyil bo‘lib, bosh vazir qilish fikriga ham borgan ekan-da.
Abulfazl tilga olingach, Salimda Shomansurni tuhmatdan qutqarish istagi uyg‘ondi. Albert bu istakni ustalik bilan Akbar tomon yo‘naltirdi.
Oradan yana bir kun o‘tgach, kechqurun to‘xtaganlarida Salim otasining huzuriga kirishga ruxsat oldi. U borgohda endi Shomansur haqida so‘z och¬moqchi bo‘lganda Abulfazl keldi-yu, kirlangan va ezg‘ilangan bir maktubni olib kirib, Akbarga ta’zim bilan tutdi:
— Hazratim, xoinning bu maktubi ilmi siyoh usuli bilan o‘qildi.
— Shomansurning o‘zi yozgan ekanmi?
— Dastxat o‘ziniki. Faqat sir saqlash uchun harf¬larni xiyla o‘zgartirib yozgan. Ko‘rnamak, tuzingizni ichib yurib, yana sizni surbetlarcha yomonlabdir.
— Qani, o‘qing-chi, — dedi Akbar va o‘g‘li Salim¬ga «eshitib qo‘y!» degandek qilib qaradi.
Abulfazl Shomansurning maktubidan bir-ikki joyini ta’kid bilan o‘qidi:
— «Podshomiz Abulfazl va Todar Mal ta’sirida dindan chiqib beimon kofir bo‘ldi. Endi bizning pushtipanohimiz o‘zingizsiz, amirzodam! Panjobni olgan zahotingiz poytaxtdagi ixlosmandlaringiz ham bosh ko‘targusidir. Ilohim pok musulmonchilikni dah¬riy og‘angiz tajovuzidan asrab qolish, siz, Muham¬mad Hakim hazratlariga nasib bo‘lsin!»
Akbar o‘g‘li Salimga qarab:
— G‘addor muhitning tuhmatini ko‘rdingizmi? — dedi. — Badmast inim tun-u kun may ichib, qusug‘iga qorishib yotsa ham, mendan pokroq musulmon emish! U faqat otamning tashqi suratini meros olgan... Ulfat beklari uni ichirib mast qilgan holda bizga qarshi g‘azotga ko‘ndirgan. Men uch yildan berli mayni og‘zimga olganim yo‘q, faqat doruvor giyohlar-u meva sharbatlaridan tayyorlangan «obiha¬yot» nomli ichimlik ichib yuribmen. Besh vaqt namoz o‘qurmen, ro‘za tutamen. Jonivorlarning uvoliga qolmaslik uchun ovni man etganmen. Ilkimdan kelgan barcha savob ishlarni qilsam-u Shomansur mening xizmatimda yurib, buning hammasini unutsa? Bilib turib qanchalik xiyonat qilgan odam qay darajada g‘alamis!..
— Hazrat otajon, — dedi Salim, — balki bu maktubni Shomansur yozmagandir? Ehtimol, boshqalar yozib... o‘lgan amirning kissasiga yashiriqcha solib qo‘ygandir?
Akbar yalt etib o‘g‘liga qaradi:
— Ajabo! Senga bu shubhani kim o‘rgatdi?
—O‘zim... o‘zimning xayolimga keldi. Axir... Sher¬xon shunday hiylalarni ko‘p ishlatgan, deb bizga o‘zingiz so‘zlab bergan edingiz-ku.
Akbar o‘g‘lining chigal, murakkab narsalarga aqli yetadigan bo‘lib qolganidan sergaklanib, Abulfazlga savol nazari bilan tikildi:
— Mavlono, Shomansur aybini bo‘yniga oldimi?
— Qiynoqqa solinganda bo‘yniga olgan edi. Keyin yana tondi. Ammo dastxat uniki ekanligi aniq.
Abulfazlga so‘zsiz ishonadigan Akbar:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:56:49
— Dastxat eng ishonarli dalildir, — dedi-da, o‘g‘li Salimga yuzlandi: — Sen Shomansurga achinmoqdamisen?
— Gangada g‘arq etilgan mo‘ysafid Yazdiyga ham... rahmim keldi.
— Rahmdil bo‘lmoq yaxshi, ammo g‘animlarim murodlariga yetsalar, meni ne ko‘ylarga solishlarini o‘yladingmi? Butun mamlakatda menga qarshi isyon ko‘targan johillar g‘olib chiqsalar, meni kofirdan olib, dahriyga solib, o‘n jonimdan birini ham tirik qo‘ymagaylar-ku!
Akbar belidagi kamariga olmos sopli xanjarini qistirib olgan. Salim uni ko‘pdan beri bugungidek qat’iyatli va shiddatkor qiyofada ko‘rmagan edi.
— G‘animlarim mamlakat ichidagina emas, tashqarida ham bizga qarshi qancha xurujlar qilayotganidan xabaring bormi? — so‘radi u Salimdan. — Mavlono Abulfazl, shahzodaga Adandan kelgan maktubni ko‘rsating!
Abulfazl Adanda g‘animlar asoratiga tushib qolgan Gulbadan begimning maktubini Salimga berdi. Maktubni o‘qigan sari shahzodaning iztirobi osha bordi.
«Dunyoda yagona najotkorim bo‘lgan hazrati Akbarjon! — deb yozgan edi Gulbadan begim. — Yoshim oltmish birga kirganda bunday qora kunlar boshimga tushar deb hech o‘ylamagan edim. Bobu¬riylar xonadonining eng keksa kayvonisi men bo‘lganim uchun Arabistonga borib, og‘am Komron mirzoning qabrlarini ziyorat qilmoqchi edim. Hazrat otamning tabiatlaridagi sayyohlik ishtiyoqidan ozginasi menga ham o‘tgan ekan, dengizda suzish, ko‘rmagan yurtlarimni ko‘rish orzusida yo‘lga chiqdim. U paytlarda hali isyonlar boshlanmagan edi. Siz bizga «Tezrov» degan yaxshi dengiz kemangizni bergan edingiz. Arab dengizidan eson-omon suzib o‘tganimizdan so‘ng eshitdikki, Hindistonda sizga qarshi isyonlar boshlanibdi. Sizdan zarba yeb qochgan bir talay alamzada shayx-u imomlar Adanga panoh istab kelgan ekanlar. Ular johillarni bizga qarshi qo‘zg‘otdilar. Adan hokimi go‘yo bizni tashqi tajovuzlardan himoya qilmoqchi bo‘lgandek, ko‘rimsiz bir binoga kiritib, atrofimizga soqchilar qo‘ydirdi. «Tezrov» kemamiz¬ni ham allaqayoqqa olib ketib, ko‘rfaz burchagiga yashirib tashladilar. Kunlar, haftalar o‘tdi. Biz hibs¬ga tushganimizni sezib, hokimdan darhol bo‘sha¬tishlarini talab qildik. Shunda Adan hokimi bizning huzurimizga shayxulislomini yuborib, dah¬shatli gaplarni ayttirdi. Go‘yo siz kofir bo‘lgan emishsiz, biz shuning uchun sizdan voz kechmog‘imiz kerak emish. Muhammad Hakimni Hindiston taxtiga eng munosib tojdor deb shayxulislomga kafolat bermog‘imiz kerak emish! Ulug‘ Boburning farzandlari orasida tirik qolgani birgina menman! Nahotki oltmishdan oshganimda shunday xiyonat yo‘liga kirsam?! Xoin bo‘lib yashagandan ko‘ra, sizga, otamning ruhiga sodiq turib jon berishni afzal deb bilurmen. Shayxulislomga buni ro‘yirost aytdim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:57:21
Men-ku, yoshimni yashaganmen. Siz yonimga qo‘shgan qo‘riqchi yigitlarga, yosh kanizlarimga rahmim kelur. Hazrati Akbarjon, oxirgi nafasim qolguncha men sizga sadoqat saqlagaymen. Ilojini topsangiz, bizni bu yovuz odamlarning asoratidan qutqaring! Maktubni yig‘lab yozgan ammangiz Gulbadan begim».
Maktub Salimga qattiq ta’sir qilganini Akbar uning yaltirab ketgan ko‘zlaridan payqadi.
— G‘animlarimizning noinsofligini ko‘rdingmi?— dedi. — Kobuldagi mayparast inimni menga qarshi qo‘zg‘atganlari oz ekan! Endi hajga ketgan ammamni ham dushmanimga aylantirmoqchi ekanlar! Ammo bizning tarafdorlarimiz ham oz emas. Adandan bu maktubni bizga Qilichxon Andijoniy yetkazib keldi. Qilichxonni turk kemachilari dengizdan o‘tkazib qo‘yibdi. Ular Seydi Ali Raisni yaxshi bilar ekanlar. Biz Dehlida Seydi Alining hurmatini joyiga qo‘yib jo‘natganimizdan Turk podshosi mamnun ekan... Yodingda bormi biz Surat bandaridan ulkan bir turk zambaragini arobalarga ortib Fathpur Sikriga keltirgan edik.
— Sulaymoniy zambaragimi?
— Ha, keyin biz bu zambarakni eng katta daryo kemasiga o‘rnatdik, Bangolada Dovudxon bilan jang qilganimizda bu zambarak bizga zafar keltirgan eng zo‘r qurollardan biri bo‘ldi. Hozirgi Turkiya podshosi Sulton Murod otasi Sulaymon Qonuniy nomidagi bu zambarakni biz qutqarib olganimizdan xabardor ekanlar. Biz endi turk kemachilariga qo‘shib Qilichxon Andijoniyni katta sovg‘alar bilan elchi qilib yubor-moqdamiz. Ammamiz Gulbadan begim asira bo‘lib turgan Adan shahri turk sultonining ta’sir doirasiga kirar ekan. Inshoolloh, bizning Turkiyaga boradigan elchi¬miz yolg‘iz qaytmagay. Sadoqatda tengsiz ammamiz Gulbadan begimni asoratdan qutqarmaguncha tin¬chimagaymiz!
Otasining bugungi shiddatkorligiga bunaqa sabab¬lar ham borligini endi bilgan Salim:
— Hazrat ammam qaytsalar, men peshvoz chiqib kutib olgaymen! — dedi.
— Tangrim seni shu niyatingga yetkazsin, o‘g‘lim! Dushmanlar bizga hatto uzoq Adanda shunchalik shafqatsiz muomala qilmoqda ekan, biz nechun ularni ayamog‘imiz kerak? Hayot-mamot kurashida yumshoqlik qilib bo‘lmagay!
Akbar Abulfazlga yuzlandi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 13:57:54
— Barcha ichki-tashqi g‘animlarga saboq bo‘lmog‘i uchun xoin Shomansur baland bobul daraxtiga osib o‘ldirilsin! Toki bizning yaxshiligimizga yomonlik bilan javob bergan ko‘rnamaklar buni uzoq-uzoqlardan ko‘rsin! Barcha qo‘shin Shomansur osilgan daraxtning oldidan olib o‘tilsin!
Ertasi kuni ertalab damoma degan katta naqoralar tahdidli yo‘g‘on tovush bilan gum-gum qila boshladi. Jallodlar baland bobul daraxtiga dorning sirtmog‘ini bog‘ladilar. Qo‘li bog‘loqlik Shomansurni sirtmoq tagiga olib kelganlarida u jon achchig‘i bilan qichqirdi:
— Men xoin emasmen! Tuhmat qilganlarni begunoh qonim tutsin!
U yana nimadir demoqchi edi, lekin jallodlar bo‘yniga tez sirtmoq solib, arqonning uchini tortdilar. Shomansurning gavdasi yerdan uzilib, o‘lim talvasasida bir-ikki marta g‘ujanak bo‘lib, qisqarib ko‘rindi. U jon bergandan keyin esa gavdasi cho‘zilib, avvalgidan xiyla uzun ko‘rina boshladi.
Salimning ta’sirchan qalbi bu hodisadan shunday dahshatga tushdiki, u kechalari bosinqirab uyg‘onadigan va Abulfazldan ham, otasidan ham hayiqib o‘zini olib qochadigan bo‘lib qoldi.

_________________
* Ammo A. Monserrate tirikligida esdaliklarini chop etishga muyassar bo‘lmadi. Chunki katolik cherkovi undan kitob emas, missionerlik ishini talab qilar edi. Uning yozuvlari portugal ma’murlari tomonidan faqat razvedka maqsadlarida foydalanildi va maxfiy tutildi. Oradan uch yuz yil o‘tgandan so‘ng «Izohlar»ni esdalik tarzida avval ingliz tilida to‘liq chop etdilar. Keyinchalik boshqa tillarda ham chiqdi-yu, Monserratega o‘zi orzu qilgan shuhrat uch asr kechikib keldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:00:00
*  *  *

Muhammad Hakim o‘ttiz yoshga kirib, birorta katta jangda qatnashmagan edi. Akbar unga qarshi ikki barobar ko‘p qo‘shin bilan Panjobga kirib kelgani, Shomansurni daraxtga osib o‘ldirgani, Gangada esa Yazdiyning suvga g‘arq qilingani Muhammad Hakimni vahimaga soldi. Kobuldan birga kelgan uning ulfat beklari ham talvasaga tushdilar. Mash¬varatlarda:
— Tezroq Nilobdan o‘tib, Kobulga qaytaylik! — degan takliflar tushdi.
Muhammad Hakim Laxo‘r qamalini to‘xtatib, shimolga yo‘l oldi. Bu orada kunlar to‘satdan isib, tog‘larda muzlar va qorlar birvarakay erishga tushdi. Yomg‘ir fasli ham odatdagidan uch hafta oldin boshlandi. Tiniq paytida nil qo‘shib oqizilgandek ko‘kimtir ko‘rinadigan va shuning uchun bir nomi Nilob bo‘lgan Hind daryosi endi kulrang selday toshib, ulkan toshlarni yumalatib, vahima bilan hayqirib oqar edi. Muhammad Hakim uch-to‘rt kun daryo suvining pasayishini kutdi, ammo oqim pasayish o‘rniga ko‘ta¬rilib, kengayib bormoqda edi. Yomg‘ir fasli avjiga chiqsa, keyin bir-ikki oy Panjobda qolib ketishi, bu orada Akbar yetib kelib, uni tor-mor qilishi muqarrar. Muhammad Hakimga akasi toshqin daryodan ham qo‘rqinchliroq tuyuladi. Shuning uchun tavakkal bilan qo‘shinini telbalanib oqayotgan daryoga boshlab kirdi. Hind daryosining ayovsiz to‘lqinlari orasida uning mingdan ortiq bek-u navkarlari g‘arq bo‘lib ketdi. Zo‘r oqim Muhammad Hakimning o‘zini ham girdobiga tortib ketayotganda, suvchi yigitlari uni mesh yordamida zo‘rg‘a qutqarib qoldilar va bir amallab narigi qirg‘oqqa olib chiqdilar.
Akbar uni ta’qib etib Nilob bo‘yiga yetib kelganda inisi allaqachon Kobulga borib ulgurgan edi. Ellik mingdan ortiq askarni ovora qilib Kobulga borib yurmaslik uchun Akbar daryo bo‘yida to‘xtadi-yu, inisiga odam yubordi, uni shu yerga chaqirtirdi. Lekin gunohi juda og‘ir ekanini sezgan ini o‘zi kelishdan qo‘rqdi. O‘n uch yashar o‘g‘li Kayqubodni javob maktubi bilan yubordi-yu: «Men shayton vasvasiga berilib xato qildim, agar afv etsangiz, qolgan umrimni Kobulda sizga sadoqat saqlab o‘tkazgaymen», degan gaplarni yozdi. Bu gaplar nosamimiy ekani sezilib turardi. Muhammad Hakim hozir saraton oyida yomg‘irlar avjiga chiqib, daryolar toshganini, Akbar¬ning qo‘shini hali-beri shimoliy qirg‘oqqa o‘tib kelolmasligini bilardi. Yomg‘ir fasli tugaguncha kuz kiradi. Hindikush tog‘lariga qor tushadi, Haybar devoni yopiladi. Akbarning ko‘pchilik askarlari sovuqqa bardosh berolmaydigan hindistonlik yigitlar, fillar ham qorli yo‘llardan yurolmaydi. Akbar shunga qaramay Kobulga sovuqda qo‘shin tortib keladigan bo‘lsa Muhammad Hakim uni yengishi oson bo‘ladi.
Inisining bu makkor rejasini payqagan Akbar:
— Yaxshilikcha yechib bo‘lmaydigan tugunni qilich bilan kesmoqdan o‘zga iloj yo‘q! — dedi.
Daryo suvi asad oyida sal pasayishi bilan butun qo‘shinini shimoliy qirg‘oqqa olib o‘tdi.
Shahzoda Salimni toshqin daryodan o‘tkazishda Albert Pereyro o‘zining suvda suzishga naqadar ustaligini hammaga ko‘rsatdi. Uning zo‘r dengizchi bo‘lganiga o‘sha kuni Akbar ham ishondi.
Daryodan o‘tishda padre Monserratening yuragi yomon bo‘ldi, uni endi qorli Haybar dovonidan olib o‘tish xatarli edi. Shuning uchun Akbar Monserrateni Odinapur*da Bobur bobosi bunyod etgan Bog‘i Vafoda qoldirdi. Albert Pereyro esa Akbardan iltimos qildi:
— Hazrati oliylari, ijozat bering, men ham Kobul yurishiga ishtirok etay. Bo‘sh vaqt bo‘lganda shahzodalarga xalfa sifatida til o‘rgaturmen.
— Til bilan birga dengizchilik, kemasozlikdan ham saboq bering.
— Bajonidil, hazratim! Agar munosib ko‘rsangiz, umrim oxirigacha sizga-yu shahzodalarga xizmatda bo‘lmoqchimen!
Akbar hayron bo‘lib so‘radi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:00:15
— Umringiz oxirigacha?  Demak, Farangistonga qaytmoqchi emasmisiz?
— Albatta, tug‘ilgan yurtim Portugaliya menga behad aziz! Ammo biz tomonlarda jaholat kuchli, sal boshqacha fikr yuritsangiz, gulxanga tashlab o‘ldirgaylar. Farangi qulfurushlarning ishlaridan ham bezor bo‘lganmen. Sizning dargohingizda ruhim yayramoqda. Bu yerda barcha imon-u e’tiqodlar barobar. Turli millat vakillari yakdil. Sulhi kull menga behad yoqdi. Sizga sodiq fuqaro bo‘lmoqchimen!
Akbar farangilarning xufiya ish olib borishda qanchalik ilgarilab ketganini va qanaqa yangi usullar kashf qilganini hali bilmas edi. Albert hatto o‘z nomini Alibek qilib o‘zgartirib, Akbarga astoydil ixlos qo‘yganiga uni ishontirdi.
— Padrelar bizni o‘z dinlariga o‘tkazmoqchi edilar, aksincha bo‘ldi-ku! — deb, Akbar ich-ichidan quvonib qo‘ydi.
Shundan keyin Alibek Salimning xos navkarlari qatorida Kobul yurishiga birga olib ketildi.
Jang-u jadalga ko‘proq qiziqadigan Murod Man Sinx boshchiligidagi ilg‘or qismlar bilan oldinda borar edi. Muhammad Hakimning askarlari Kobul bo‘sa¬g‘asida Man Sinx va Murodning o‘ng ming kishilik otliq qo‘shinlari bilan qattiq jang qilib ko‘rdilar. Man Sinxning rajput yigitlari va Murodga saralab berilgan otliq jangchilar Muhammad Hakim askarlarining qarshiligini yengib, Kobulga birinchi bo‘lib yorib kirdilar. Orqadan Akbarning o‘zi yana qirq ming askar bilan kelmoqda edi. Unga bas kelolmasligini sezgan Muhammad Hakim qal’aning narigi darvozasidan chiqib, shimol tomondagi tog‘larga qarab qochdi. Yo‘lda undan ajralib, orqaga qaytgan singlisi Baxtiniso begim eri Xo‘ja Hasan Badaxshiy bilan birga Akbar kelib tushgan O‘rta Boqqa bordi.
«Akbar kofir bo‘lib, salla ham o‘ramay qo‘yganmish!» degan ovozalarni Baxtiniso begim ham ko‘p eshitgan edi. «Hazrat og‘am brahman kiyimida peshonasiga qizil xol qo‘ydirib kelgan bo‘lsalar, qandoq ko‘rishgaymiz?» degan iztirobli o‘ydan begimni g‘am bosmoqda edi.
Lekin uni ko‘shk ayvonida kutib olgan Akbar avvalgiday ipak to‘n kiygan, boshiga simobi salla o‘ragan edi. Baxtiniso begim birdan o‘zini uning oyog‘i tagiga tashladi-yu, yig‘lab gapirdi:
— Gumroh singlingizni, kechiring, hazrat og‘ajon! Sizga peshvoz chiqolmadim! Sodda bo‘lmasam, yomon ovozalarga ishonarmidim?!
Akbar singlisini yelkasidan olib oyoqqa turg‘izdi, uning yoshli ko‘zlariga tikilib:
— Hayriyat, siz o‘zingiz keldingiz, — dedi. — Lekin inimiz nechun qochib yuribdir? Muhammad Hakimda sizdagichalik ham jur’at yo‘qmi?
— Iningizni ulfat beklari qo‘rqitib birga olib ketdi. «Sizni hajga yuborib o‘ldirgaylar, Komron mirzoday ko‘r qilgaylar!» desalar Muhammad Hakim shunga ishonib qochdi!
— Ammo o‘sha beklarni tuttirib tilka-pora qildir¬mog‘im kerak. Inimizning ketidan quvg‘inchi yuborsam, hammasini tutib kelgay!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:00:28
— Hazrat og‘ajon, iningizning niyati yomon, sizga tutqich bermay, Balxdagi shayboniyzodalar tomoniga o‘tib ketgay. Ulardan shunday taklif bilan elchi ham kelgan edi. To‘polon sal bosilguncha quv¬g‘inchi yubormay turing, battar malomatga qolmaylik!
O‘ttiz to‘rt yoshga kirgan Baxtiniso Kobulning eng aqlli va mulohazali ayollaridan sanalar edi. Katta momolari Mohim begimni ko‘rgan keksa odamlar Baxtinisoni o‘sha dono ayolga o‘xshatishardi. Onalari Norchuchuk begim o‘lib ketgandan beri Kobulni idora etishda mayparast Muhammad Hakimga mana shu singlisi yordam berib yurganini, biroq keyingi paytlarda u Baxtinisoning maslahatlariga kirmay qo‘ygani uchun shuncha falokatlar yuz berganini Akbar xufiyalar axborotidan ham bilar edi.
— Baxtiniso, bugundan e’tiboran mening inim ham siz o‘zingizsiz! — dedi. — Muhammad Hakim men uchun o‘ldi. Siz haqsiz, uning ketidan quvg‘inchi yuborishga ham arzimaydir!
Akbar Kobulda uzoq turolmasligini bilardi. Sunbula kirib, atrofdagi tog‘larga qor tushgan, kechalari sovuq edi. Dovonlar bekilmasdan tezroq janubga qaytib ketishi kerak edi. Lekin inisining o‘rniga kimni Kobul hokimi qilib tayinlashi mumkin? Asosiy ishni olib boradigan amirlar topiladi. Ammo podsho oilasidan kim bu ishga munosib? Akbarning o‘g‘illari hali yosh...
Kechasi xonayi xosda u Abulfazl bilan shu haqda maslahatlashar ekan, yana Baxtinisoni ko‘z oldiga keltirdi. Faqat uni ayol kishi deb pisand qilmasliklari mumkin.
— Biroq jannatmakon Bobur bobongiz Hindis¬tonga ketganlarida Kobul ixtiyorini Mohim begimga berib ketganlari tarixdan ma’lum, — dedi Abulfazl. — Baxtiniso begim ham o‘sha ulug‘ momolariga o‘xshar emishlar. Munimxon shunday dedi.
— Baxtiniso Muhammad Hakimdan o‘n chandon aqlliroq, — dedi Akbar. — Faqat uning baquvvat bir amir muovini bo‘lmog‘i lozim.
Ikkovi kengashib bu ishga Man Sinxni munosib ko‘rdi. Uni besh ming rajput yigiti bilan Kobulda qoldirsa, shimoldagi shayboniyzodalar ham tajovuz qilolmaydi. Mutassib shayxlar ham Man Sinxni yo‘ldan ozdirolmaydi. Man Sinx Akbarning dushmanlariga bas kela oladi. Odamlar uni bekorga «Akbarning qilichi» deb atagan emaslar.
Akbar singlisi Baxtiniso begimni Muhammad Hakimning o‘rniga Kobul hukmroni qilib tayinlagach, Man Sinx shahar kutvali va lashkarboshi bo‘ldi. Sal oldinroqqa ketib aytish mumkinki, Akbar Hindistonga qaytib ketgandan so‘ng Muhammad Hakim tog‘lar orasidan singlisiga odam yubordi, yalinib-yolvorib, Kobulga qaytishga ruxsat oldi. Lekin Man Sinx uni hokimiyat ishlariga yaqin keltirmadi. Amalidan tushib, hammaning nazaridan qolgan Muhammad Hakim avvalgidan battar mayxo‘rlikka berildi. Oxirgi marta ikki kecha-yu ikki kunduz surunkasiga chog‘ir ichib, mastlikda jon berdi. Baxtiniso begim borib ko‘rganda, uning jasadi ko‘mirday qorayib ketgan edi.

____________
* O d i n a p u r — keyinchalik Jalolobod bo‘lgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:00:48
*  *  *

Kobulda o‘tkazilgan bir haftaning Salim uchun eng unutilmas kuni — Bobur bobolarining maqbarasiga borgan paytlari bo‘ldi. Panjobda Salim bilan otasining orasida paydo bo‘lgan chigallik o‘sha kuni bir qadar tarqadi. Salim otasiga Abulfazldan ham yaqinroq bo‘lishni istardi. Bugun Akbar Abulfazlni pastda qoldirib, faqat o‘g‘illari bilan Guzargohdagi Bog‘i Boburga chiqib kelgani, to‘ng‘ich o‘g‘ilga juda yoqib tushdi.
— Mening bu yerlarga kelmaganimga... yigirma yetti yil bo‘libdir! — dedi Akbar va oxirgi marta shu maqbara oldida ko‘zi ko‘r amakisi Komron mirzo bilan qanday uchrashganini o‘g‘illariga aytib berdi. Undan oldin Humoyun o‘z inilari bilan yarashgan kuni ekilgan to‘rtta chinordan ikkitaginasi qolibdi. Bobur bobolarining o‘zi qazdirgan ariq ham bekilib, qurib yotibdi. Bog‘i Bobur tashlandiq ahvolda, daraxtlar sarg‘aya boshlagan.
— Muhammad Hakimni arvoh urgani bejiz emaski, shunday aziz joyni qarovsiz qoldiribdir! — deb, Akbar inisidan yana bir koyindi.
Salimning ko‘ziga maqbara ham mung‘ayib turganday ko‘rindi. Qabr ustidagi qora mavjlik qizil marmarga chang o‘tirgan edi. Akbar marmarning changini sekin barmoqlariga oldi-da, peshonasiga surdi. Shu bilan bobosining xotirasini nechog‘li muqaddas deb bilishini, uning ruhini qay darajada e’zozlashini o‘g‘illariga ko‘rsatgan bo‘ldi. Avval Salim, undan so‘ng Murod ham bobokalonlarining qabri ustidan changni barmoqlariga olib, peshonalariga e’zoz bilan surdilar.
Uchovlari maqbarani ziyorat qilib chiqqanlaridan so‘ng, Akbar o‘g‘illariga shimol tomondagi tog‘larni ko‘rsatdi:
— Hazrat bobomiz o‘sha tog‘lar ortidan kelganlar. Samarqand, Andijon, Toshkent. Tengi yo‘q joylar!..
— Siz Turonga qachon borgansiz, hazrat otajon?— deb so‘radi Murod.
— Bolaligimda... tushimda ko‘rganmenmi yoki qonimda bormi... bobolar yurtini qo‘msab yashamoqdamen. Turon haligacha shayboniyzodalarning tasarrufida. Qani edi, Kobul-u Fathpurda qurgan obidalarimizni Farg‘ona-yu Buxoroda ham qursak!
— Turonda bizga xayrixoh odamlar ko‘p emish-ku!— dedi Salim. — O‘shalar «keling» deb taklif qilmaslarmi?
— Taklif qiluvchilar ko‘p. Samarqandda shoir Abdurahmon Mushfiqiy bizga atab qasida yozib yuborganidan xabaring bor-ku.
Salim bu qasidani o‘qigan, uning ikki satri yodida qolgan edi. Hozir shuni esladi:
Savodi Hindro karda az latofat gulshani hazro
Muhammad Akbar G‘oziy Jaloliddini dunyo*.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:01:07
— Mushfiqiyni bu qasidasi uchun shayboniyzodalar o‘ldirib yuborishlariga sal qolgan. Bechora janubga qochib qutulgan...
— Shayboniyzodalarning o‘zlarini quvmoq ke¬rak!— dedi Murod qizishib. — Shunday qudratli lashkarimiz bor, hazrat otajon! Turonga qo‘shin tor¬tib borsak, tarafdorlaringiz quchoq ochib chiqmagaylarmi?
Akbar og‘ir uf tortdi-yu:
— Turonda hozir g‘animlarimiz ko‘paymishdir, vaziyat yomon, — dedi. — Biz Hindistonda o‘tkazgan islohotlarni shayboniyzodalar Samarqand-u Farg‘ona ahliga butunlay teskari qilib yetkazibdirlar. Ulug‘bekni o‘ldirtirgan johillar Turonda bizga ham qarshi qilich qayramoqdalar. Buning ustiga Hinditsonda g‘animlarimiz bosh ko‘tardi. Hatto Adanda hazrat ammamizni o‘shalar asir qilmishlar. U kishini qutqarmoq uchun ham poytaxtga tezroq qaytmog‘imiz kerak, o‘g‘illarim!
Shu bilan xayollari janubga ketdi. Akbar o‘g‘illariga janub tomondagi Kobul daryosini ko‘rsatdi:
— Mana shu Kobul daryosi Hind daryosiga quyiladigan joyda men bir g‘aroyib hikoyat eshitganmen. Bobokalonlaring haqidagi bu hikoyatni afg‘on ulusi to‘qiganmi, hind eli yaratganmi, aniq bilmaymen. Ammo bu hikoyat shu ikki yurtning chegarasida paydo bo‘lmishdir. Mazmuni shuki, jannatmakon bobom daryo bo‘yida yolg‘iz o‘ltirib, she’r yozayotgan ekanlar. Orqadagi o‘rmondan bobomning xundor dushmani xanjarni qo‘liga olib, pusib kelmoqda ekan. Bobom bilan bo‘lgan janglarda bu odamning og‘asi o‘lgani uchun qasd olmoqchi ekan. Daryo sohilida uch-to‘rtta bolachalar suvga yog‘och tashlab, oqizoq o‘ynab yurgan ekanlar. Bolalardan biri o‘yinga berilib, suvga tushib ketibdir. Ikki daryo qo‘shilgan joyda oqim juda zo‘r, haligi bola g‘arq bo‘lishi muqarrar. Qirg‘oqda qolgan bolachalar dod solib, bobomdan yordam so‘rabdir. Bobur bobomiz daryoda oqib ketayotgan bolachaning ketidan o‘zlarini suvga otibdilar. U kishi suvda yaxshi suzar ekanlar. Ganganing u qirg‘og‘idan bunisiga necha marta suzib o‘tganlarini umr kitoblarida yozmishlar. O‘qiganmisenlar? — deb Akbar o‘g‘illariga savol nazari bilan tikildi.
Kitobni kam o‘qiydigan o‘yinqaroq Murod nima deyishini bilmay yerga qaradi.
— Men o‘qiganmen, — dedi Salim. — Faqat Ganga emas, bobomiz yo‘llarida uchragan daryolar¬ning hammasidan suzib o‘tgan ekanlar.
— Ana, ko‘rdingmi? — deb Akbar Murodga qaradi: — Sen ham o‘qib chiq... Xullas, jannatmakon bobom daryoga tushib ketgan o‘sha bolani qutqarib olib chiqibdilar. Xanjarini yalang‘ochlab pusib kelgan xundor dushman qarasa, qutqarilgan bola — uning kichik o‘g‘li emish. «Hali men bolamni qutqargan odamni o‘ldirmoqchi edimmi?» — deb o‘zidan qattiq ranjibdir, xanjarini Bobur bobomizga tutib debdir: «Bolamni tirik olib chiqdingiz, endi yomon niyatim uchun shu xanjarni menga urishga haqlisiz!» Bobur bobomiz voqeaning tafsilotini so‘rab bilganlaridan so‘ng, xanjarni daryoning o‘rtasiga uloqtirib yuboribdilar. «Bu tig‘ — adovat timsoli ekan, g‘arq bo‘lsin!» debdirlar. Bolani otasining ilkiga tutqazib aytibdirlar: «Bola — istiqbolimizdir, buni birga asraylik*.
Akbar o‘g‘illariga bir-bir ko‘z tashlab qo‘shib qo‘ydi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:01:20
— Kim bilsin, o‘shanda bobomiz daryodan qutqarib chiqqan bola — balki mendirmen, balki Salim yoki Muroddir. Agar bobomiz Agrada mening otamni o‘lim xavfidan qutqarib olmaganda, men ham tug‘ulmas edim, senlar ham.
— Rost! — deb bosh irg‘adi Murod.
Salim o‘ychan edi. Akbar unga tikilib turib davom etdi:
— Bobomiz qutqargan o‘sha istiqbolni men senlarga, senlar o‘z avlodlaringga xayf qilmasdan kamol topdirib yetkazib bermog‘imiz kerak. Mana shu maqbara turgan joy — bizning eng ulug‘ ziyoratgohimizdir. Bu yerni qarovsiz qoldirsalaring, Muham¬mad Hakimning ahvoliga tushgaysenlar. Bunday istiqboldan tangrim sizlarni asrasin!
Akbar ikki o‘g‘lini ergashtirib, pastda ularni kutib turgan Abulfazl va boshqa bek-u a’yonlarning oldiga tushib bordi. Kobul kutvali Man Sinxga buyurdi:
— Maharoja, darhol bu toqqa yuzta korgar olib kelib, ilgarigi ariqlarni ochdiring. Uch kunda bu yerga suv kelsin. Bog‘ obod-u orasta qilinsin. Kobul atrofidagi sug‘oriladigan yerlardan besh yuz jaribi Bobur bobomiz maqbarasi ixtiyoriga berilsin, farmon yozing. Shu yildan e’tiboran maqbara ixtiyoridagi besh yuz jarib yerdan tushadigan daromadlar Bog‘i Boburni obod-u orasta saqlashga sarf qilinsin. Yana maqbara bilan boqqa qarab turadigan to‘rtta odamga davlat xazinasidan doimiy maosh to‘lab turilsin.
O‘g‘illar oldida berilgan bu farmoyishlar kelajakda ularni ham o‘z bobokalonlaridan ibrat olishga o‘rgatishi kerak edi.
Lekin g‘alaba tantanalari ichida qiyinchilik ko‘rmay o‘sayotgan erka o‘g‘illar bobokalonlarining ibrat olib bo‘lmaydigan odatlariga ergashgan paytlari ham bo‘lardi.
Murod Kobulni olishda jasorat ko‘rsatgani uchun otasidan murassa’ xanjar mukofot oldi. Shu muno¬sabat bilan Bog‘i Navro‘ziyda jangovar beklar Mu¬rodga chog‘ir taklif qildilar.
— Bobur bobomlar chog‘ir ichmaganlar-ku! — deb Murod avval unamadi.
— Bobongiz chog‘irni qirq besh yoshga borib tashlaganlar, — dedi Chig‘atoyxon. — Ammo Kobulda yashaganda bearmon ichganlar. Xotira kitoblarida o‘qimaganmisiz? Dalada, kemada, buloq bo‘yida, bog‘da, hatto xazon bo‘lgan daraxtlarning tagida o‘tirib rosa kayf qilganalarini yozganlar-ku!
Bobokaloni haqidagi bu gaplar Murodning hozirgi ko‘tarinki kayfiyatiga to‘g‘ri kelib turar edi. O‘sha oqshom u birinchi g‘alabasi sharafiga mast bo‘lguncha ichdi. Ustidan afyun qo‘shilgan ma’jun ham yedi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:01:31
Murodning atkasi Zayniddin ko‘ka uning Bog‘i Navro‘ziyda mast bo‘lib yurganini ko‘rib:
— Onhazrat bilsalar ikkovimizga ham jazo berurlar! — deb po‘pisa qildi. — Amakingiz Mu¬hammad Hakim yoshlikdan ichib yurib, ne ko‘yga tushganini bilurmisiz?
— Kobulda Bobur bobom ham may bazmlari o‘tkazgan ekanlar-ku! — dedi Murod.
— E, avval tarixni o‘rganing! Sizning yoshingizda Bobur bobongiz mayni og‘izlariga olgan emaslar. Siz ham u kishiday yigirma besh-o‘ttizlargacha sabr qi¬ling. Keyin birda-yarim ichsangiz yarashgay.
Murod o‘zini juda yosh deb kamsitishlarini yomon ko‘rardi. Axir u yoshi kattalar qatori hind daryosidan suzib o‘tmadimi? Oldingi safda qilich yalang‘ochlab, Kobulga yorib kirmadimi? Otasi uning ixtiyoriga butun bir Bog‘i Navro‘ziyni berib qo‘yibdi-ku. Murod besh ming askarga boshliq. Qo‘l ostidagi bek-u navkarlari unga ta’zim qilib turishadi. Shu sabablarga ko‘ra u o‘zini chog‘ir ichishga haqli deb hisoblaydi. Zafar ketidan zafar kelib turibdi, quvnoq bazmlar uchun sabab ko‘p. Ulfat beklar uni navbatma-navbat chog‘ir bazmiga taklif qilardilar, otasi va atkasidan yashiriqcha yana rosa ichirardilar...

_____________
* Tarjimasi: Hind kengliklarini ulkan bir gulshanga aylantirdi Muhammad Akbar G‘ozi Jaloliddini dunyo. (Bu yerda Akbarning Jalol (Nur) degan ismi asosiga qurilgan so‘z o‘yini bor).
* Bobur haqidagi bu hikoyat xalq orasida haligacha aytib yurilganini 1983-yilda Afg‘onistonning janubida — Jalolobodda bir yil tarjimon bo‘lib ishlab kelgan toshkentlik olim so‘zlab berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:01:55
*  *  *

Salim ham allaqachon may ichib, ma’jun yeb ko‘rgan, u ham bazmlarga ishtiyoqmand, lekin Kobulning O‘rta Bog‘ida otasining ko‘zi yaqinida yashayotgan kunlari Salim o‘zini tiyib yuribdi. Otasi bilan birga Guzargohdagi marmar maqbarani ziyorat qilgandan beri dilida «Boburnoma»ga o‘xshagan xotira kitobi yozish orzusi paydo bo‘lgan. Katta bobosi ham o‘n ikki yoshlardan nasriy mashqlar qila boshlaganini Salim o‘z ustozi Farid Buxoriydan eshitgan. U o‘zining xilvatxonasida hali hech narsa yozilmagan zarhal muqovali daftarni ochdi-yu, yonida turgan Farid Buxoriyga yuzlandi:
— Sarlavhasi «Xotirot» bo‘lsinmi?
— Qaysi tilda yozmoqchisiz, amirzodam?
— Turkiycha.
— Lekin bir muammo bor: «Boburnoma»ni ellik yildan buyon uch marta turkiydan forsiyga tarjima qildilar. Ko‘ngildagidek chiqmadi. Axiyri Abdurahim xoni xononning tarjimasi onhazratga ma’qul bo‘ldi. Kelgusida sizni ham bu muammo qiynalmasligi uchun birato‘la forsiyda yozsangiz-chi?
Salim yashagan muhitda forsiy til ko‘proq ishlatilar edi. Shuning uchun unga forsiyda yozish osonroq tuyular edi. Faqat u bobolari ma’qul ko‘rgan birorta turkiy so‘zni sarlavhaga chiqarishni istardi.
Uning bu istagi Farid Buxoriyga yoqib tushdi:
— Amirzodam, «tuzuk» degan so‘z bor. Ota¬ngizning saroylarida qabul marosimlarini boshqaradigan odam «miri tuzuk» deb atalur. Faqir eshitdimki, eng katta bobokaloningiz Amir Temur o‘zlari bitgan xotiralari va nizomlarini «Tuzuklar» deb atagan ekanlar. Bu tuzuklar bizgacha yetib kelmay yo‘qolib ketganmi, o‘zini hech qayerda uchratmadim.
— Bo‘lmasa men ham o‘z xotiralarimni «Tuzuk» deb atagaymen!
Salim bu so‘zni daftarning birinchi varag‘iga yirik qilib yozdi.
— Inshoollo, bu daftar kelgusida ulkan bir kitobga sarchashma bo‘lg‘ay. Ehtimol, odamlar buni «Tuzuki Salimi» deb atagaylar.
Farid Buxoriy «Salimi» so‘zini «Salima» deganday qilib aytdi. Salim o‘gay onasi Salima begimni esladi-yu, aftini burushtirdi. Shahzodaga o‘z nomi uncha yoqmasligini mavlono Farid avval ham sezgan edi.
— E, amirzodam, siz tug‘ulganda faqir ham hazrat otangiz bilan ovda yurgan edim. Mening hamshahrim Ahmad Buxoriy Salim otaning ixlosmandlaridan edi. Otangiz o‘sha Ahmadning maslahati bilan sizga Salim cheshtining nomini qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Lekin men Salim Cheshtining tarixini bilar edim, asli eshkakchidan chiqqan odamning nomini shahzodaga qo‘yish joiz emas edi. Buning ustiga hazratimning xotinlaridan biri — Salima edi. Faqir uzr so‘rab: «Hazratim, to‘ng‘ich o‘g‘lingizga boshqa munosibroq ism bor», — dedim. «Qaysi ism?» dedilar. Boboka¬loningiz katta o‘g‘illariga  Jahongir deb ot qo‘yganla¬rini eslatdim. Ammo so‘zim o‘tmadi, amirzodam! Ne qilayki, raqib hamshahrim Ahmad Buxoriy otangizni o‘shanda Salim degan ismga ko‘ndirdi!
Salim og‘ir tin olib, alam bilan bosh chayqadi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:02:10
— Jahongir degan ism ming marta yaxshi edi. Nasib qilsa, qachondir bir vaqt... shu nomga qaytgumdir!*
Salim otasi qo‘ygan nomdan voz kechmoqchi bo‘lgani mavlono Faridga ulkan bir jasoratday tu¬yuldi.
— Amirzodam, siz hozir o‘n uchga qadam qo‘ydingiz. Otangiz shu yoshda taxtga chiqqan edilar. Bobur bobongiz podsho bo‘lganlarida hali o‘n ikkiga to‘lmagan edilar. Nasib bo‘lsa, bir kun siz ham taxtga chiqgaysiz! O‘sha kunni ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay! Chunki afsus qilurmenki hazrat otangiz dinlarni birlashtirish yo‘liga kirdilar. Holbuki, g‘ayridinlar bizdan bir necha barobar ko‘p. Biz ularning orasida yo‘q bo‘lib ketgaymiz! Bu yo‘l xatodir!
— Men bu yo‘lga zinhor yurmagaymen! — dedi Salim qat’iyat bilan.
— Shuning uchun butun najotni biz sizdan kut¬moq¬damiz, amirzodam! Hazrat otangizga Bayramxon ham bas kelolmadi, Mohim enaga ham, Ansoriy ham. Oxirida, mana, yolg‘iz inilari Muhammad Hakim za¬bun bo‘ldi. Biroq hech kim bas kelolmagan Rustam dostonga axiyri o‘zining o‘g‘li Suhrob bas kelgani «Shoh¬¬noma»dan ma’lumdir. Ilohim, siz bizning Suh¬robimiz bo‘ling-u Jahongir nomi bilan taxtga chiqing!
Agar bu gaplar otasining qulog‘iga yetib borsa mavlono Farid tirik qolmasligini Salim sezdi va atrofiga xavotirlanib qarab qo‘ydi. Lekin xilvatxonada ikkovlaridan boshqa hech kim yo‘q, eshik-derazalar berk. O‘lim xavfidan qo‘rqmay shunday dalil tilaklarni aytgan mavlono Farid Salimga jasur odam bo‘lib ko‘rindi:
— Mavlono, menga toj-u taxt nasib qilgan kuni birinchi xutbani o‘zingiz o‘qigaysiz!
Mavlono Farid azbaroyi ta’sirlanganidan ko‘zlariga yosh oldi-da, Salimni suyukli farzandidek bag‘riga bosib, yelkalarini siladi.
Akbar bilan uning o‘g‘li orasiga birinchi pona shu tarzda urildi.

_____________
* Salim o‘z xotiralarini keyinchalik «Tuzuki Jahongiriy» deb ataydi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:02:29
F A T H P U R
YECHIB BO‘LMAYDIGAN TUGUNLAR

O‘n oy davom etgan Kobul yurishi Akbarni juda toliqtirgan edi. U poytaxtdagi oromgohlar, sokin ku¬tubxona va tasvirxonalarni* sog‘ingan edi. Kobuldan qaytgach, Fathpurda muqim yashab, chala qolgan ko‘p ishlarini nihoyasiga yetkazdi. Ilgari qad ko‘targan muhtasham binolar yoniga Panj Mahal deb ataladigan besh qavatli qasr, qizlar uchun qurilgan yangi maktab, marmar hovuz o‘rtasidagi go‘zal shohsupa, hovli yuzida har bir katagiga odam sig‘adigan ulkan satranj maydoni va Akbarning me’morlik iste’dodini ko‘rsatadigan boshqa o‘nlab obidalar qo‘shildi. Fathpur-Sekri qurib bitirilgan paytda uni kelib ko‘rgan ingliz sayyohi Ralf Fitchning yozishicha, Akbarning yangi poytaxti o‘sha davrdagi Londondan ikki barobar ulkan¬roq bo‘lgan. Shunday ulug‘vor shaharni yaxlit bir san’at asariga o‘xshatib kashf etgan va o‘ng besh-yigirma yil ichida qurdirgan me’morni uzoq yurtlardan kelgan odamlar bir ko‘rib ketishga intilar edilar.
Qilichxon Andijoniy «darbor» deb ataladigan qabul kunida Akbarning huzuriga oq yuzli, qo‘ng‘ir soch, barvasta bir sayyohni boshlab kirdi. O‘siq soqoliga oq oralagan bu odam — moskvalik tujjor Matvey Kalitinning o‘g‘li Akim edi. Qilichxon uni bundan qirq yil burun Eronning Mozandaronida, Hazar de¬ngizi bo‘yiga kemada sizib kelgan paytda ko‘rgan edi. O‘shanda Humoyun Matveyning Moskoviyadan Agraga sovg‘a qilib olib borgan samur po‘stini va qarchig‘ayiga javoban yoqut in’om qilgani Qilich¬xonning yodida bor edi. Eng muhimi, Akim Mat¬veyevich Adan orqali o‘tib kelayotganda Gulbadan begimning taqdiridan xabar topgan va so‘nggi yangiliklarni eshitib kelgan edi.
Qilichxon buning hammasini aytganda Akbar uzoq yurtdan kelgan mehmonga qiziqib peshvoz chiqdi. Akim Matveyevich boshidan kartuzini olib, unga ta’¬zim qildi-da:
— Gazrati aliylari! — deb so‘z boshladi. U turkiy tilni Qozonda o‘rgangan va bulg‘or tatarlarini eslatadigan talaffuz bilan so‘zlar edi: — Sizning buyuk qudratingizga turk sultoni ham tan bermishdir. Yuborgan elchingizni bik yaxshi qabul qilgan. Adan hokimiga qarshi askar yuborib, Gulbadan begimni asirlikdan bushatuvg‘a majbur itgan. Men Adang‘a kelganda barcha el-ulus shul to‘g‘rida so‘zlab yururlar ekan. Begimning ulug‘ og‘alari mirzo Humoyunni men Hazar bo‘yinda ko‘rganim yodimg‘a tushdi. Buyuk padaringiz mening otamg‘a zo‘r bir yoqut bergan edi. Rahmatli otam ul yoqutni menga meros qilib qoldirg‘an. Men haligacha bu yoqutni qalbim yonida asrab yururmen.
Akim Matveyevich qo‘yniga qo‘l solib, yumaloq charm hamyonchani oldi-da, ichini ochdi. To‘q qizil yoqut Akbarning ko‘ziga cho‘g‘day yaltirab ko‘rindi. Uning o‘zi ham otasi yozib bergan to‘rt satr she’riy tilakni haligacha tumor qilib kiyimi ichidan osib yurar edi. Ko‘kragining chap tomonini paypaslab, tumorchaning salqin ipagi badaniga tekkanini his qilganda olis yurtlardan ham ammasining, ham otasining xabarini olib kelgan Akim Kalitin ko‘ziga juda issiq ko‘rindi.
— Xushxabar keltirganingiz uchun sizga tashakkur, janobi Akim. Adanda Gulbadan begimning odamlaridan kimni ko‘rdingiz?
— Ahmad Buxoriyni ko‘rdim. U bilan ham qirq yil burun Hazar dengizi bo‘yida tanishgan edik. Ahmad Buxoriy keksayib, mo‘ysafid bo‘lib qolibdir.
— Men uni ammamga qo‘shib yuborgan edim. Hozir ahvollari nechuk ekan? Salomatliklarini so‘ra¬dingizmi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:03:45
— Turk sultoni Adan hokimiga farmon berib, begimni xushhavo bir ko‘shkka o‘tkazibdirlar. Sog‘liq¬lari yaxshi ekan. Faqat «Tezrov» degan kemalari yetti oy qarovsiz yotgani uchun ichidagi narsalarini talab, ba’zi joylarini buzgan ekanlar. Hozir siz yuborgan odamlar Ahmad Buxoriy boshchiligida kemani tuzatmoqdalar. Bir oylarda tuzatib, Hindiston tomonga yo‘l olmoqchilar.
— Xayriyat! — dedi Akbar yengil bir so‘lish olib.
Akim Matveyevich orqaga o‘girilib qaradi. Uning xizmatkor yigiti oq ipak matoga o‘ralgan katta bir kitobni ikki qo‘llab tutib turar edi.
— Gazrati oliylari! Siz barcha xalqlarning kitobla¬riga ehtirom ko‘rsatganingizni biz ham eshitdik. Ulug‘ bobongiz Boburshoh boshlagan nek ishlarni siz davom ettirayotganingizdan behad shodmiz. Bobur bobongiz mamlakatlarimiz tarixida birinchi bo‘lib Moskvaga elchi yuborgani ikki tomon uchun ham juda xayrli ish bo‘lmishdir. Bobongizning elchisi uch yil Rossiyaning Murom shahri yaqinida istiqomat etgan edi. Men ham muromlikmen. Bizning yaqinimizda so‘nggi qirq yil ichida Baburin degan qishloq paydo bo‘ldi. Baburin degan nomlar ham bor. Xalq orasida rivoyat tarqalganki, hind shohi Boburning avlodlari Murom atroflariga kelib yashagan*.
Ulug‘ adib bo‘lgan bobongizning hurmati uchun biz sizga Rossiyadan kitob sovg‘a qilib keltirdik.
Akim Matveyevich kitobni xizmatkor yigitdan oldi-da, Akbarga tutdi. Akbar kitobning ustidagi oq ipak pardani ko‘tarib muqovasiga qaradi. Chetlari zarhal qilingan qalin charm muqova ustida notanish oltin yozuv ko‘rindi.
— Bu — lotin xatimi? — so‘radi Akbar.
— Yo‘q, bu — rus xatidir. Bundan besh yuz yil muqaddam Kirill bilan Mefodiy nomli ulug‘ vatandoshlarimiz shu alifboni kashf qilmishlar.
Besh asrdan beri o‘z alifbosida ish olib boradigan xalqning kitobi Akbarga endi juda qiziqarli ko‘rindi:
— Bu kitobning nomi nedur?
—«Apostol». Iso payg‘ambarning eng ishongan o‘n ikki yor-do‘sti, xalifasi bo‘lgan. Shular bizda apostol deb e’zozlanur. Sizlardagi choryorlar kabi.
— Undoq bo‘lsa, bu tabarruk kitob ekan! — deb, Akbar sovg‘ani e’zozlab ko‘ziga surdi.
U kitobni varaqlayotganda har bobning bosh harflariga maxsus rasmlar ishlanganini ko‘rdi, biroq matnlar qo‘lda ko‘chirilganga o‘xshamasligini sezib taajjublandi. Shunda Akim Matveyevich o‘zi keltirgan kitobning bosmaxonada qanday chop etilganini aytib berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:03:59
Kitob chop etish hali sharq mamlakatlariga yetib kelmagan, Akbar buning nimaligini bilmas edi. Akim Matveyevich unga Ivan Fyodorov degan kishining Moskvada birinchi bo‘lib milodiy 1563-yilda ochgan bosmaxonasi bir marta terilgandan so‘ng kitobni zudlikda o‘nlab nusxa bosib chiqarishi mumkinligi Akbarga juda katta yangilik bo‘lib tuyuldi.
— Ammo bizda ham yangilikdan joni chiqadigan ruhoniylar bor, — dedi Akim Matveyevich. — Ivan Fyodorov Moskvada bittagina kitobni chop etishga ulgurdi. Keyin ruhoniylar uni dahriy «antixrist» deb aybladilar. Fyodorovning bosmaxonasi yog‘och uyga o‘rnatilgan ekan. Johillar bu uyga o‘t qo‘yib, hammasini kuydirib yuboradilar. Ivan Fyodorov Moskva¬dan qochib, chet bir viloyatga boradi.
— Podsholaringiz kim?
— Podshomiz Ivan Grozniy Qozon, Astraxan xonliklarini zabt etish bilan band edi. Keyinchalik uning ruxsati bilan Fyodorovning bosmaxonasida ko‘proq diniy kitoblar chop etiladigan bo‘ldi.
Akbar Ivan Grozniyning Qozon va Astraxan xonliklarini qanday zabt etganini Agraga kelib ketgan Eron elchisidan eshitgan edi.
— Janob Akim, biz ham begunoh farishtalar emasmiz, shafqatsiz urushlar qilib, behuda qonlar to‘kkan paytlarimiz bo‘lgan. Lekin hozir shunday xulosaga keldikkim, qilich bilan odamlarning dilini yaralab erishilgan g‘alaba bebaqo ekan. Undan ko‘ra odam¬larning qalbiga yaxshilik bilan yo‘l topib erishilgan g‘alabaning umri uzoq bo‘lgay.
— Siz mening dilimdagi gapni aytdingiz, hazrati oliylari. Qonni qon bilan yuvib bo‘lmagay. Tojdorlar qilgan shafqatsizliklar uchun xalqlar aybdor emas. Qozonda mening do‘stlarim bor. Rossiyaning vijdonli kishilari Ivan Grozniyning ayovsiz ishlarini afsuslanib tilga olurlar. Chunki u jahl ustida hatto o‘zining katta o‘g‘lini temir hassa bilan urib o‘ldirib qo‘ygan. Lekin uning tarixga kirgan yaxshi ishlari ham bor: tarqoq o‘lkalarni Moskva atrofiga birlashtirib, ulkan davlat tuzdi. Yana bir nek ishi — Moskvada, biz Kreml deb aytadigan ulug‘ qizil qal’a yonida Qozon fathiga bag‘ishlangan muhtasham bir obida — sobor qurdirdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:04:12
Orqada turgan xizmatkor yigit Akim Matveyevichning ishorasi bilan cho‘zinchoq yog‘och sandiqchani olib keldi. O‘rol tog‘larining rang-barang toshlari bilan zeb berilgan bu sandiqcha ichida rangdor suratlar bor edi. Akbar Moskvada Kremlning kungirador qizil devorlarini, qubbalariga yaxlit oltin qoplangan baland qo‘ng‘iroqxonalarini shu suratlarda ko‘rdi. U Qozon soborining tasviri chizilgan rasmni qo‘lga olib qarayotganda:
— e’tibor bering, hazrati oliylari, — dedi Akim Matveyevich. — Rus me’morlari Qozonning o‘ziga xos qiyofasini bu obidada ehtirom bilan ifodalashga intilganlar. Sobor tepasidagi ba’zi qubbalarning taram-taramlari menga muslim sallasining o‘ramlarini eslatur.
— Gapingiz asosli, janob Kalitin, men ham bu obidada milliy adovat emas, aksincha, turli imon-u e’tiqodlarga hurmat ifodasini ko‘rmoqdamen. El-uluslar orasidagi o‘zaro ehtirom o‘choqda saqlanadigan cho‘g‘ kabi hamisha bordir. Fozil kishilar shu cho‘g‘ni kul orasidan izlab topib, uning yordamida katta gulxanlar yoqmog‘i mumkin. Biz hozir Odam Ato farzandlarini ana shunday ma’naviy gulxan atrofiga to‘plash harakatidamiz.
— Biz ham shu gulxan yorug‘ini uzoqdan ko‘rib keldik!
— Qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin! Podsholaringizda Hindistonday uzoq mamlakatlarga elchi yuborishga hozircha imkon bo‘lmasa... mayli. Lekin elchilar ishini yaxshi kitoblar-u siz kabi jasur sayyohlar ham qilmog‘i mumkin.
Akbar kitobdorni chaqirtirdi va «Boburnoma»ning yangi ko‘chirilgan bir nusxasini olib kelishni buyurdi. U Akim Matveyevichga berar ekan:
— Siz bizni Moskoviyadan yo‘qlab kelganingizning o‘zi katta bir qadrdonlikdir, janob Akim! — dedi. — Hazrat bobomiz mamlakatlarimiz orasida shunday qadrdonlik bo‘lishini istab elchi yuborgan ekanlar. Ruslar qadrshunos el ekanki, bobomizning bu xayrli ishini unutmasdan, nomini o‘z odamlariga qo‘yibdirlar, qishloqlarini Baburino deb atabdirlar. Bu — tahsinga sazovor fazilatdir. Siz turkiy tilni bilar ekansiz. Shuning uchun «Boburnoma»ning asl turkiycha nusxasini sizga in’om etdik!
Akim Matveyevich zarhal muqovali kitobni olib, e’zozlab ko‘ziga surdi-yu:
— Men bu kitobning shuhratini butun mamla-katimizga yoygaymen, — dedi. — Vatandoshimiz Afanasiy Nikitin yuz yil burun biz uchun Hindistonni ochgan edi. Uning «Uch dengizdan nariga sayohat» nomli kitobida bizning Hindistonga bo‘lgan beg‘araz qiziqishimiz, samimiy ehtiromimiz ifoda etilmishdir. Biz ba’zi farangilarga o‘xshab, Hindiston atrofidagi dengizlarga xo‘jayinlik qilmagaymiz, orollarni bosib olmoqchi emasmiz, faqat xolis niyat bilan hamkorlik qilishni istaymiz.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:04:26
— Siz farangi tillarini ham bilsangiz kerak?
— Ha, bilurmen. Dengizdan portugal kemasida o‘tib keldim. Shunda ularning o‘zaro gaplaridan tushundimki, Adanda hazrat ammangizni sizga qarshi qo‘zg‘atmoqchi bo‘lgan kuchlar orasida portugallar ham bor ekan. Ular zimdan yomonlik qilishda behad katta tajriba orttirmishlar. Beg‘araz hayrixohingiz sifatida aytib o‘tmoqchimen. Ular sizni o‘z dinlariga o‘tkazib, keyin butun Hindistonni mustamlaka qilish orzusidalar.
Akbar istehzoli kuldi:
— Ushalmaydigan orzu! Men barcha imon-u e’tiqodlarni barobar ko‘rganim uchun padrelarga poytaxtdan joy berdim.
— Albatta, portugallar orasida adolatparvar, halol odamlar ham bor. Lekin men ularning shafqatsiz qulfurushlarini ham ko‘rdim. Ular Ovruponing qul bozorlariga bechora qora tanlilarni Afrikadan kemalarga bosib borib, oltinga sotmoqdalar. Siz Hindistonda qul bozorlarini berkittirib olijanob ish qilibsiz. Qullarni ozod etibsiz. Ammo farangilar yangi kashf etilgan Amerika qit’asida ham qul bozorlari ochmishlar, habashistonlik yuz minglab qora tan¬lilarni kemalarda Amerikaga eltib, qul qilib sotibdirlar. Shu yo‘l bilan behisob ko‘p boylik orttiribdirlar.
— Insonfurushlik bilan orttirilgan boylik — dun¬yodagi eng harom boylikdir! — dedi Akbar nafrat bilan.— Men bilurmen, biz bo‘sh kelsak, hindlarni ham «qora tanli» deyishib, kemalarga bosib ketib, qul qilib sotishga tayyor farangilar bor. Ammo biz tirik ekanmiz, ular bu shum niyatlariga yetolmagaylar!
Gap orasida Akbar mehmonga savol berdi:
— Bizdan ne tilagingiz bor, mehmon?
Akim Matveyevich bir o‘ylanib oldi. Jizya va tamg‘a soliqlarining bekor qilingani, barcha nasoralarning huquqlari muslimlarniki bilan tenglashtirilgani Akim Matveyevich kabi ajnabiy sayyohlarga juda katta yengillik bermoqda edi. Kalitin o‘zi uchun hech narsa so‘ramoqchi emas, faqat shu yerda uchratgan bir vatandoshining mushkulotini oson qilgisi kelar edi.
Paramon degan kishi yoshligida Volga daryosi bo‘ylarida Qrim xonlari bilan bo‘lgan jangda yara¬lanib, asir tushgandan so‘ng uni qul qilib sotgan ekanlar. Falakning gardishi bilan Hindistonga kelgan bu odam o‘ziga o‘xshagan nasora ayolga uylanib, ikkita farzand ko‘rgan ekan. Kasbi imoratsoz usta. Akbar¬ning yangi poytaxtini qurishga o‘n yetti yil mehnati singgan. Lekin hali ham ona tilini unutmagan ekan. Akim Kalitin u bilan ruscha gaplashganda ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. «Birga olib ketinglar, birodarlar, qolgan umrimni Vatanimda o‘tkazay!» — deb yalindi. Ammo sarkori unga javob bermadi. Chunki o‘g‘li ham ganchkor usta ekan. «Bunday katta ustalarga hazratim o‘zlari javob bermasalar, mening haqqim yo‘q!» — deb turib oldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:04:54
Akbar bu gapni eshitib, Qilichxonga yuzlandi va gap qaysi usta haqida borayotganini so‘radi.
— Usta Parmon bo‘lsa kerak, — dedi Qilichxon,— o‘zi hozir tashqarida qabulingizni kutib turgan edi.
Akbar Mirituzukka usta Parmonni  chaqirishni buyurdi. Hindiston oftobida yuzlari qorayib ketgan ellik yoshlardagi ko‘kko‘zli miqti odam eshikdan ta’¬zim qilib kirdi:
— Mening asli otim Paramon, hazrati oliylari! O‘zim Volga bo‘ylarida o‘sganmen. Meni qul qilib sotgan edilar, sizga rahmat, bizdan «qul» degan isnodni olib tashladingiz. Mening orzuyim — vatanga qaytish edi. Axir bizni vatandan zo‘ravonlik bilan judo qilgan edilar! Ijozat bersangiz, oilam, o‘g‘lim bilan endi Rossiyaga ketsam...
— Ammo biz sizdek yaxshi ustolarni qaydin topurmiz?
— Hazrati oliylari, yigirma yilda to‘qqizta shogird yetishtirdim, hech biri imoratsozlikda mendan qolishmagay!
Akbar Abulfazlni chaqirtirdi:
— Janob vazir, farmon biting: usta Parmonning oilasi bilan birga vataniga qaytib ketishiga ruxsat berilsin. Yangi poytaxtni qurishda o‘g‘li bilan qilgan ko‘p yillik mehnati uchun uning vataniga yetib borgunicha ketadigan yo‘l xarajatlari xazinadan to‘lansin.
— Bosh ustiga, hazratim! — deb Abulfazl bu farmonni darhol bajarish uchun orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Usta Paramonning quvonchi ichiga sig‘may, yoni¬dagi Akim Matveyevichni quchoqlab o‘pa boshladi...
O‘sha kunlari Antoni Monserrate va Rudolf Akvaviva Goaga qaytib ketish harakatida yurgan edi. Akbar Akim Kalitin va usta Paramonni padrelar bilan bir karvonga qo‘shib jo‘natdi. Goa orolida Kalitinlar Portugaliya kemasiga tushib Yevropaga yo‘l oldilar*.
Padrelar esa orolda qolishdi.

______________
* T a s v i r x o n a — musavvirlar dargohi.
* Aslida bu — Bobur yuborgan elchining xalq xotirasida o‘zgargan va boyigan holda saqlanib qolganligini ko‘rsatuvchi rivoyatdir. Baburinskiy xutor, Baburino degan joylar va Baburin degan ismlar ulug‘ rus yozuvchisi I. S. Turgenev yashagan davrda ham bo‘lgan. Shu sababli I. S. Turgenev o‘zining «Punin va Baburin» degan povestida Paramon Semyonovich Baburinning hind shohi Boburdan kelib chiqqanligi haqidagi rivoyatdan foydalanadi.
Rus sovet olimasi G. F. Blagova esa Baburino degan qishloqlarning Murom va Kirjach atroflarida 1960-yillarda ham bo‘lganligidan guvohlik beradi.
* Fathpur-Sekrida asoratdan qutqarilgan bir rus oilasi Portugaliya missionerlari hamrohligida Hindistondan jo‘nab ketganini ingliz olimi V. Smit «Akbar» nomli kitobida qayd etgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:05:25
* * *

Akbar ham, o‘g‘illari ham katolik diniga o‘tmaganligi Goadagi portugal ma’murlarini juda ko‘ngil¬siz¬lantirdi. Ular Monserrate va Akvavivaning Akbar davlatida olib borgan uch yillik ishlarini «muvaffaqi¬yatsiz missiya», deb baholadilar. Faqat padrelar keltirgan harbiy ma’lumotlar foydali deb topildi. Ayniqsa, Albert Pereyroning Alibek degan turkiycha nom bilan shahzoda Salim mulozimlari orasiga ishga olinganligi va Fathpurda qolganligi Goa hokimini mamnun qildi. Chunki Akbar saroyida Albert Pereyroday tadbirkor xufiyaning ish olib borishi portugallar  uchun juda zarur edi. Goa hokimi Pereyro bilan aloqa bog‘lash uchun savdogar qiyofasidagi maxsus odamni Goadan Fathpurga jo‘natar ekan:
— Senyor Albertga ayting, qaytib kelganda biz uni general unvoniga taqdim etmoqchimiz, — deb va’da berdi. Kemasozlikka oid eski kitoblardan unga ko‘proq olib borib bering. Akbar bilan uning o‘g‘liga bizning tajribamizni iste’moldan qolgan eski kemalar asosida o‘rgatsin. Afg‘on yusufzaylari bilan aloqani uzmasin. Albert ularning qo‘zg‘olonchi pirlari — ravshaniylarni biladi. Kobul yurishiga borganda Peshovarda ular bilan tanishgan. Ravshaniylar Haybar dovoni etagida Akbarga qarshi isyon ko‘targanlar. Ammo ravshaniylarning peshvosi shayx Jaloliddinni Akbar Fathpurda hibsda saqlamoqda emish. Rav¬shaniylar bu shayxni hibsdan bo‘shatish harakatida emishlar. Siz Fathpurga borgan zahotingiz ravshaniylar piri shayx Jaloliddinni hibsdan qochirmoqning yo‘lini izlang. Bu pir qochib chiqsa, ravshaniylar isyo¬ni yanada avjlanib, Haybar dovoni bekilib qolgay. Bizga xuddi shu kerak! Akbarning kuchlari shimoliy chegaralar tashvishidan bo‘shamasin!
Goa hokimining bu fikri Rudolf Akvavivaning ko‘nglidagi gap edi:
— Siz mutlaqo haqsiz, senyor vitse-qirol! — dedi Akvaviva. — Biz uch yil Akbar saroyida yurib shunga amin bo‘ldikki, hozir butun Sharqni larzaga solayotgan to‘rtta eng zo‘r davlat turkiy sulolalar qo‘lidadir. Kichik Osiyoda turk sultonlari, Eronda buyuk shoh Abbos nomi bilan ulug‘lanayotgan ozarbayjonlik Safaviy, Turonda Abdullaxon Shayboniy. Xayriyatki, bu to‘rt davlat birlasha olmaydir, aks holda, biz ularga bas keladigan kuch topa olmas edik. Ammo turkiy podsholar orasida biz uchun eng xatarlisi — Akbardir. Narigi uchalasi shia sunniy nizolari tufayli bir-biriga ashaddiy dushman. Ammo Akbar har uchala turkiy sulola bilan murosa yo‘lini topib, bordi-keldi qilib turibdir. Hatto turk sultoni Murod Akbarning hurmati uchun Adanda asira bo‘lib qolgan Gulbadan begimni qutqarishga yordam beribdir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:06:09
— Bu begim Fathpurga qaytib borgani rostmi?
— Ha, uni tantana bilan kutib oldilar. Endi turk sultoni dengiz kemalari quradigan ustalarni ham Akbar huzuriga yubormoqchi emish. Turk harbiy floti hozir O‘rta yer dengizida hukmron, bizga u yoqlarda kun yo‘q. Shunday zo‘r flot Hind ummonida ham paydo bo‘lsa, Goa bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelgay!
— Yo‘q, bunga yo‘l bermaslik kerak! — dedi Goa hokimi va Fathpurga jo‘natayotgan savdogar-xufiyaga uqtirdi: — Shayx Jaloliddin tezroq hibsdan qochirilmog‘i shart! G‘ayridin Man Sinx Kobulda o‘z rajputlari bilan hukmron bo‘lib turgani muslim afg‘onlar-ning izzat-nafsiga tegmoqda. Biz suv yo‘li orqali Peshovarga maxsus odamlar, qurol-yarog‘lar yuborgaymiz. Hind-muslim nizolarini alanga oldirmog‘imiz zarur! Shuni Pereyroga yaxshilab tushuntiring!
Albert Pereyro Fathpurda mana shu ko‘rsatmalar asosida shayx Jaloliddinni hibsdan qochirishga muvaffaq bo‘lgan paytda Goaning katolik cherkovi Antoni Monserrateni Arabiston va Turkiyaga maxfiy topshiriqlar bilan jo‘natdi. Biroq turk sultoni Akbardan ko‘ra shafqatsizroq edi. Monserrate muslimlar orasida nasora dinini targ‘ib qilganligi uchun Sinan degan joyda qamoqqa olindi va yetti yil hibsda yotdi. U qamoqdan qutulib Goaga qaytganda Rudolf Akvaviva allaqachon olamdan o‘tgan edi.
ma’lum bo‘lishicha, Rudolf muqaddas martirlik unvonini oqlash uchun Goa yaqinidagi hind qishloq¬larida qat’iy harakatlar qiladi. U iezuitlar g‘oyasi uchun o‘zini shahid qilishga ko‘pdan tayyorlanib yurganini, martirlik unvoni shuni taqozo qilishini Mon¬serrate bilardi. O‘ttiz uch yoshli Rudolf Selset qishlog‘ida bir eski ibodatxonani katolik cherkoviga aylantirmoqchi bo‘ladi. To‘rtta baquvvat portugal yigi¬tini ishga solib, ibodatxonadagi majusiy haykallar o‘rniga salib o‘rnattirayotgan paytda yerli aholi birdan isyon ko‘taradi-yu, Rudolfni ham, uning to‘rt yigitini ham urib o‘ldiradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:06:33
* * *

Akbarning hayotini yaqindan kuzatib, u haqda maxsus asar yozayotgan hind tarixnavislari orasida ikki kishi avval tengqur, do‘st, keyin esa bir-biriga ashaddiy raqib bo‘lib ketdilar. Bularning biri Abulfazl bo‘lsa, ikkinchisi — Abduqodir Badavniy edi. Ular Akbar saroyiga deyarli bir vaqtda kelishgan va xizmatni eng past poyadan — dog‘ qilingan otlarni xatlaydigan bitikchilikdan boshlagan edilar. Keyin Abulfazl¬ning omadi kelib, vazirlik lavozimiga ko‘tarildi. Biroq, Abduqodir Badavniy saroydagi yettita oddiy imomlardan biri bo‘lganicha qoldi. Lekin u o‘zini qalami o‘tkir, iste’dodli muarrix deb bilar, saroyda, harbiy yurishda, ibodatxonada Akbarni zimdan kuzatib, unga bog‘liq eng muhim voqealarni daftariga yozib borardi. Bir kun emas bir kun Akbarning nazari Badavniyga ham tushishi va uning ham Abulfazlday ko‘tarilib ketishi ehtimolga yaqin tuyulardi. Shuning uchun Badavniy «Muntaxabut tavorix» (ya’ni, tanlangan tarixlar) deb atalgan yozuvlarining bosh qismlarini Akbarga ixlosmand odam sifatida yozdi: «Hazrati oliylari ko‘p yillar davomida qarama-qarshi fikrlarni bir-biriga muqoyasa qilib, ularning orasidan haqiqatni topishga o‘rgandilar. Hazratimning yangicha e’tiqodlari xuddi toshga o‘yilgan suratday uzoq o‘ylar, munozaralar natijasida asta-sekin shakllanib bordi. Bu e’tiqod bo‘yicha, aqlli odamlar hamma millatlar orasida ham bor, ularni yig‘ib yakdil qilmoq savobli ish emasmi?»
Badavniy Akbar tomonda turib o‘zicha bu savolni bergan paytlarda hali ma’naviy zilzilalar va shayxlar isyoni boshlanmagan edi. Mulla Abduqodir Ajmirdagi mashhur Muyiniddin Cheshti maqbarasining pesh¬vosi bo‘lish umidida edi. Bu maqbaraga Akbarning o‘zi ham piyoda ziyoratga borar va katta ehsonlar qilar edi. Buni ko‘rgan bek-u a’yonlar va boshqa odamlardan nazr-u niyozlar daryoday oqib kelardi. Bu yerda peshvo bo‘lishning boyligidan tashqari, katta nufuzi ham Badavniyni o‘ziga tortardi.
Lekin Fathpurdagi ibodatxonada bo‘lgan diniy munozaralarda Badavniy bir necha marta Ansoriy tomonida turib, shayx Muborak bilan munozara qildi. Bir marta hatto qiziqqonlik qilib, shayx Muborakni dahriylikda aybladi. Akbarga uning shu ishlari yoqmagan ekan. Abulfazl otasiga yon bosib, Badavniyni podshoga yomon ko‘rsatgan bo‘lishi kerak. Akbar Ajmirdagi mashhur maqbaraga shayx Muborakning tarafdori bo‘lgan boshqa bir odamni peshvo qilib tayinlatdi. Keyin Ansoriyning shayxulislomligi bekor bo‘ldi-yu, unga yaqin imomlar ham ishsiz qoldi. Shu imomlardan biri bo‘lgan Abduqodir Badavniy saroy kutubxonasiga tarjimon bo‘lib ishga kirdi. Ro‘zg‘or tebratish uchun o‘zi suymaydigan g‘ayridinlarning kitoblarini forscha she’rga solishga majbur bo‘ldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:06:48
Shundan keyin uning Akbardan juda ko‘ngli qoldi. Lekin podshoga qarshi norozilik bildirish ham xatarli. Isyon ko‘targan shayxlarning yostig‘i qurigani Badavniyni ehtiyot bo‘lishga undaydi. U kunduz kutubxonada tarjima bilan shug‘ullanib qaytgach, kechasi uyida eshikni ichdan bekitib, derazaga parda tortadi va xira yiltiragan sham yorug‘ida Akbarga qarshi dilida to‘plangan noroziliklarini qog‘ozga to‘ka boshlaydi. Uning nazarida, Ansoriy nohaq quvg‘in qilinganday, Abulfazl esa imonini podshoning islohotlariga qurbon qilib katta martabaga erishganday ko‘rinadi. «Men islomga sodiq bo‘lganim uchun hanuzgacha kosam oqarmay, muhtojlikda yuribmen», deydi u ichida va Akbarning xatolarini fosh qilish bilan o‘zini Abulfazldan ma’nan ustun sezadi.
Chunki Abulfazl Akbar davri haqida rasmiy kitob yozayotgani saroy ahliga ma’lum. Bu kitobda Abulfazl o‘z homiysini faqat maqtashga majbur, uning ayblarini fosh qilishga jur’at etolmasligi aniq. Mayli, Abulfazl boylig-u shon-shuhrat ichida cho‘milib yurgan bo‘lsa ham, adolat va jasorat bobida Abduqodir Badavniy o‘zining undan ustun ekanini isbot qiladi. Mana shu o‘y unga ilhom beradi, kechalari allamahalgacha jon chekib asar yozadi.
Ammo chala uxlab, ertasi kuni kutubxonaga ishga borganda uni Akbar to‘plagan kitoblarning salobati bosa boshlaydi. Yigirma mingdan ortiq kitobning ko‘pchiligi — qimmatbaho qo‘lyozma nusxalar. Alohida javonda turgan yunoncha va farangicha kitob¬lar yonidan moskvalik mehmon keltirgan ruscha kitob  ham o‘rin olgan. Forscha, arabcha, turkiy va sanskrit tillaridagi kitoblarning bir qismi Akbarga ota-bobolaridan meros qolgan. Boshqalarini esa uning o‘zi bittalab yiqqanini Badavniy biladi. Akbarning kitobga ishqi balandligini uzoq yurtlarda turib eshitgan odamlar goho Erondan, goho Turondan kamyob kitob¬lar olib keladilar. Darbor kunlari «hazratimga nodir kitob ko‘rsatmoqchimen» degan odamni uning huzuriga tezroq kiritadilar. Akbar kitobni sinchiklab ko‘rgach, narx qo‘yishni xolis bir sahhofga buyuradi. Sherozlik Husayn Inju degan kishi Behzod qo‘li bilan sakkizta surat chizilgan Sharafiddin Yazdiy asarini olib kelgan edi. Akbar uni sahhof belgilagan narx bilan uch ming rupiyga sotib oldi. Badaxshondan kelgan Farruhbek degan kishi Hiloliyning «Sifotul oshiqon» nomli kitobini Akbarga bir ming to‘qqiz yuz qirq besh rupiyga sotganini Badavniy ko‘rgan. Farruxbek shu birgina kitobning puliga bosh-oyoq kiyim va boshqa talay narsalar olishi mumkin edi, chunki bozorda bir juft atlas o‘n rupiy, bir qop bug‘doy yetti rupiy, bitta qo‘y uch-to‘rt rupiy turardi*.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:07:07
Kitoblar shunchalik qimmat bo‘lgani uchun Akbar ularni hasharot va sichqonlar tegolmaydigan xushbo‘y sandal yog‘ochidan ishlangan  qutichalar va javonlarda asraydi. Badavniy bu xushbo‘y qutichalar yonida o‘ltirib ishlashni yaxshi ko‘radi. Saroy kutubxonasida shoir Fayziy bosh kitobdorlik vazifasini o‘taydi. Akbarning topshirig‘i bilan Naqibxon degan olim Badavniyga qo‘shilib «Ramayana»ni tarjima qilmoqda. Fayziyning o‘zi «Injil»ni yunonchadan forschaga masnaviy she’r shaklida tarjima etmoqda. Hindlarning to‘rtta muqaddas kitoblaridan biri sanalgan «Axtar¬vaveda»ni sanskritdan forschaga ag‘darish Xo‘ja Ibrohim Sirxindiga topshirilgan.
Akbar haftada bir marta kutubxonaga kelib, qalam ahlini xonayi xosga yig‘adi-da, eng yaxshi tarjimalardan namunalar o‘qitadi. Ulug‘ hind dostonlari «Rama¬yana» va «Mahabxorat» goh Firdavsiy «Shoh¬no¬ma»sini, goh Navoiy «Xamsa»sini eslatuvchi ulug‘vor aruz vaznida jaranglar ekan, Akbar o‘z qarshisida o‘ltirgan mavlonolarga maroq bilan qarab qo‘yadi. Bu davra «Xamsa»dagi Chin shahzodasi Far¬hod arman malikasi Shirin, yunon faylasufi Arastu, eronlik Shopur, arabistonlik Qays kabi turli xalq vakillarining Navoiy qalbida va ijodida bir-biriga yaqin qadrdonlarga aylanganini eslatmaydimi? Akbar shu savolga javob izlab, qarshisida o‘ltirgan Abulfazlga, roja Birbalga, Aziz ko‘kaga, Todar Malga, Abdurahim xoni xononga, Badavniyga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi-da:
— Ajab! — deb so‘z boshladi. — Birimizning ajdodimiz arab, birimizniki hind... Birimiz — afg‘on, birimiz — turkiy ulusdanmiz. Diniy adovatlar tufayli «Ramayana»day ulug‘ doston ming yillardan buyon qo‘shni tillarnnig birortasiga tarjima etilmabdir. Holbuki, barchamizga barobar bo‘lgan umum bir til topish mumkin ekan-ku! Roja Todar Malga balli, butun davlat ishlarini forsiy tilda olib borishga Agrani ham, Panjobni ham, Gujaratni ham, Bangolani ham ko‘ndirdi.
Roja Birbal luqma tashladi:
— Hazratim, ko‘nmaganlarni Todar Mal qanday dalil bilan ko‘ndirganini eshitganmiz?
— Yo‘q. Qani, eshitaylik?
— Todar Mal ularga sizni ibrat qilib ko‘rsatmishdir. «Sen uyingda panjobcha so‘zlashsang, podshomiz turkiycha so‘zlashurlar. Lekin davlat idorasida ikki tomonga ham barobar forsiy tilda ish olib borishga podsho ko‘nsa-yu, sen ko‘nmasang, o‘zingni hazratdan baland olgan bo‘lmaysenmi?» — degan. Qani, bu dalildan hayiqmay ko‘rsin!
Sho‘x ohangda aytilgan bu gapdan ko‘pchilik bir kulib oldi. Akbar ham kulib turib dedi:
— Har qalay, ko‘p til bilmoq — fozillik alomatidir. Buni bizning tutungan farzandimiz Abdurahimning shuhrati ham ko‘rsatib turibdir. Abdurahim otasi Bayramxon kabi hazrat Navoiydan ibrat olib chiroyli turkiy she’rlar yozdi. Yana forschada, arabchada bitgan she’rlari ham mashhur bo‘ldi. So‘nggi yillarda Abdurahimning hind tilida yozgan dohalari* odamlar orasida maqol yanglig‘ aytib yurilganiga, mana, biz guvohmiz. Turli imon-u e’tiqodlarni teng ko‘rishning eng yaxshi samarasi shu emasmi?
Akbar to‘satdan Abduqodir Badavniyga murojaat qildi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:07:40
— Mavlono, bir vaqtlar siz «Ramayana» bilan «Mahabxorat»ni «imonsiz kitoblar» deb kamsitgan edingiz. Endi bu asarlarni tarjima qilish davomida fikringiz o‘zgargan bo‘lsa kerak? Shunday ulug‘ dostonlar yaratgan xalqning imoni kuchli, ruhi qudratli ekanini sezgandirsiz?
Badavniyning rangi qo‘rquvdan oqardi. Nahotki Akbar uning yashirin yozuvlaridan xabar topgan bo‘lsa? Badavniy qo‘l qovushtirib o‘rnidan turdi:
— Hazratim, faqir nonimni halol qilib yeyish uchun jon-jahdim bilan tarjima qilmoqdamen. «Ramayana» bilan «Mahabxorat»ni forsiycha aruzda yozganim sari bu dostonlarning she’riy qudrati meni sehrlab olayotgani rost. Hatto hindlarning imon-u e’tiqodi dilimga yo‘l topib kelgandek bo‘lur. Islomga xiyonat qilgan kabi seskanib keturmen!
— Agar barcha e’tiqodlarni barobar bilganingizda bunday seskanmas edingiz. Nazarimda, sulhi kull hali dilingizda qaror topgan emas.
Akbarning bu so‘zlari Badavniyga «begonasen!» degandek eshitildi:
— Hazratim, faqir sulhi kullni tan olganim uchun hind dostonlarini tarjima etmoqdamen-ku! Nahotki, faqirni hamon begonalar qatoriga qo‘shsangiz?!
— Biz emas, o‘zingiz o‘zingizni begona ko‘rsatmoqdasiz...
Badavniy yana xavotirga tushdi:
— Meni afv eting, faqir qachon o‘zimni begona ko‘rsatibmen?..
— Mana hozir ham... — Akbar davradagilarni bir-bir ko‘rsatdi. — Hech kim soqol qo‘ygan emas. Faqat siz bizdan norozi shayx-u imomlar kabi uzun soqol bilan yuribsiz!
Chindan, Akbarning o‘zi soqol qo‘ygan emas, faqat mo‘ylovi bor. Abulfazl  ham, Birbal ham, yangi e’tiqod tarafdori bo‘lgan boshqa kishilar ham ilgarigi uzun soqollarini oldirib tashlaganlar, faqat mo‘ylovlarini qoldirganlar. Hozir Akbar tarafdorlarini shundan ham tanib olish mumkin. Lekin eski musulmonchilik tarafdori bo‘lganlar soqolni «mo‘yi muborak» deb ulug‘lashar, «uni oldirganlar dahriylar yo‘liga kirgay!» deb tahdid qilishardi. Badavniy shu tahdiddan qo‘rqqani uchun oq oralagan chiroyli soqolini haligacha oldirmay yurar edi. Biroq hozir Akbar uni be¬gonalar qatoriga qo‘shgani narigi tahdiddan xatarliroq tuyuldi. Kechalari yashirincha yozayotgan asari va unda Akbarning aybini fosh etayotgani yodiga tushdi. Podshoning xufiyalari bor. Agar ularga buyurilsa, Badavniyning uyini yashiriqcha tintib maxfiy yozuv¬larni qo‘lga tushirishlari hech gap emas. Keyin Badavniyning barcha orzu-umidlari puchga chiqadi! Undan ko‘ra Badavniy ham Akbarga o‘zini sodiq ko‘rsatib, soqolini oldirib tashlay qolgani afzal emasmi? Yaxshi kunlar kelganda yana soqol qo‘yishi mumkin-ku!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:07:54
Shu fikr bilan Badavniy kelgusi hafta Akbar kutubxonaga keladigan paytgacha soqolini oldirib, uning sodiq tarafdorlari qiyofasiga kirdi. Akbar kulimsirab:
— Jasorat ko‘rgazibsiz, mavlono! — dedi va sarmunshi Naqibxonga buyurdi: — Hijriy ming yillikka* atab tayyorlanayotgan «Tarixi alfa»dan bir bobini yozish mavlono Badavniyga topshirilsin!
«Tarixi alfa» — ming yilning tarixi degan ma’noni bildirardi. Shu ming yildan ikki asrlik davr tarixini yozish Badavniyga topshirildi va bu ishga yarasha durustgina maosh ham belgilandi. Badavniy bundan juda mamnun bo‘ldi-yu, lekin soqol oldirgani tufayli ilgarigi maslakdosh do‘stlaridan ko‘p ta’nalar, istehzolar eshitdi. Islomga sadoqat saqlab soqolini oldirmay yurgan shayxlar Badavniyni sotqin hisoblab, undan o‘zlarini olib qochadigan bo‘ldilar. Badavniy esa oynaga qaragisi kelmay qoldi. Chunki ilgarigi bo‘liq soqoli ingichka xunuk iyagini bekitib, uni o‘ziga ham chiroyli va salobatli ko‘rsatardi. Hozir oynaga qarasa, yuzi sichqonnikiday farishtasiz tuyulib, ta’bini tirriq qiladi. Buning ustiga Badavniy kutubxonada o‘ltirib tarjima qilayotgan hind dostonining g‘ayridinlarga xos ta’siri uni dahriy qilib qo‘yayotganday bo‘ladi. U xudoning g‘azabidan qo‘rqadi, dilini gunohlardan poklash uchun kechqurun uyga qaytganda yaxshilab tahorat qiladi, namoz o‘qiydi, so‘ng Qur’on suralaridan dilimga yaqin tuyulganlarini toza oq qog‘ozga xattotlarcha chiroyli harflar bilan ko‘chirishga tushadi.
Abduqodir Badavniy o‘zini yana imoni but muslimdek his qila boshlagandan keyingina Akbar haqidagi yashirin asarini yozishga o‘tadi.
Akbarga qarshi isyon ko‘targani uchun Gangaga cho‘ktirib yuborilgan qozikalon Muhammad Yazdiyni Badavniy «shahid» deb ulug‘laydi. Akbar o‘zining o‘n to‘rt rupiylik oltin ashrafiy tangasiga kalimayi shahodatni yozdirmaganini «islomga xiyonat» deb qoralaydi. Shayxlar g‘alayoni bostirilganda bu g‘alayonga qatnashgan imomlar jazodan qo‘rqib qochgan, o‘sha kezlarda ba’zi masjidlar huvillab, bo‘shab qolgan, ularning ayrimlarini harbiy qorovullar egallagan edi. Badavniy shuni nazarda tutib, «Akbar masjidlarni qorovulxonaga aylantirmoqda, omborxona qilib qo‘ymoqda», deb kuyinadi.
Ayniqsa, Akbarning qamariy yil hisobidan shamsiy hisobga o‘tish haqida chiqargan farmoni Abduqodir Badavniyni qattiq norozi qiladi. Muqaddas ramazon oyi nahotki unutilsa? Rajab, muharram... odamlar bolalariga ism qilib qo‘yadigan bu nomlar Badavniyning qulog‘iga behad sehrli eshitiladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:08:28
Biroq oy to‘lishiga qarab hisoblanadigan qamariy oylar shamsiy oylardan qisqaroq, shuning uchun har yili o‘n-o‘n bir kun ortib qoladi. Qamariy oylar ham o‘n-o‘n bir kundan surila-surila, ro‘za goh qishda, goh yozda keladi. Akbar kuzda tug‘ilgan bo‘lsa ham, qamariy oylar surilib yurgani uchun o‘z tug‘ilgan kunini goh bahorda, goh yozda nishonlashga majbur. Yil fasllarining aniq hisobini olib ish ko‘radigan dehqonlar, kosiblar, boshqa hunar egalari uchun ham mudom ko‘chib yuradigan qamariy oylar ko‘p noqulayliklar keltiradi. Shuning uchun xalq orasida azaldan bor bo‘lgan shamsiy hisob (har yili aniq bir vaqtda keladigan navro‘z, saraton, mezon) ko‘proq iste’molda bo‘ladi.
Badavniy uchun esa shamsiy oylar ham, navro‘z bayrami ham otashparastlik davridan qolgan bid’at. U faqat hijriy yil hisobini muqaddas deb biladi. Akbar shu kelayotgan hamal oyidan boshlab butun davlat ishlarini shamsiy hisobga o‘tkazish haqida farmon chiqargani Badavniyga «kofirona farmon» bo‘lib ko‘rinadi.
Kunduzlari Akbarning sha’niga maqtovlar aytib, «Mahabxorat» va «Ramayana»ni tarjima qilib pul ishlaydigan bu odam kechalari eshik-derazani bekitib, Akbarning xudodan qaytganligini isbot etuvchi dalillarni qog‘oz yuziga birma-bir tizardi va bisotida bor diniy ayblarni unga taqardi. Biladiki, bu ayblar Akbar hukmronligining ildiziga uriladigan boltaning ishini qiladi. Chunki odamlar podshoning dindan qaytganini bilsalar, uni taxtdan tushirishga haqli bo‘ladilar. Shahzoda Salim otasining islohotlariga zimdan qarshi ekanini Badavniy eshitgan. U o‘z «Muntaxabi tavori¬xini» kelajak avlod uchun yozmoqda. Badavniy Ak¬bardan yosh, hali uning davri tugaydigan kunni ham ko‘rishiga ishonadi. Mana shu ishonch uning qalamiga kuch, diliga madad beradi.

_____________
* Bu narxlar Abulfazlning «Oyini Akbariy»sida keltirilgan.
* D o h a  —  ikki satrli qisqa she’r.
* Hijriy ming yillik milodiy 1592-yilda kiradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:08:40
* * *

Akbar topshirig‘i bilan xuddi shu davr haqida ochiqchasiga kitob yozayotgan Abulfazl esa butunlay boshqa manbalardan ruhiy madad oladi. U o‘z vatani Hindistonni sevadi. Bundan o‘ttiz-qirq yil oldin o‘z¬-a¬ro urushlar va milliy nizolardan abgor bo‘lib zaif¬lashib qolgan Hindiston hozir dunyoning eng qudratli davlatlari safiga kirayotganidan quvonadi. Akbarni g‘arbdagi Angliyadan tortib sharqdagi Xitoygacha o‘nlab mamlakatlar tan olib, elchilar yubormoqda. Bu elchilar: «Hozir dunyoda ikkita eng qudratli va obro‘li mamlakat bo‘lsa, biri Hindistondir!» deb aytganlarini Abulfazl har eshitganda iftixor tuyg‘usidan qalbi bir daraja o‘sadi.
Axir u yoshlikdan o‘z vatanining mana shunday yuksalishini orzu qilmaganmidi? Otasi bilan birga eng og‘ir kunlarni ko‘rganda, quvg‘inlar, adolatsizliklarni boshidan kechirganda xalq ertaklaridagi kabi odil bir rahbarga ehtiyoj sezmaganmidi? Shu ehtiyoj tufayli mahdiylar harakatiga qo‘shilgan va hindlarning bhaqti ta’limotini diliga jo etmaganmidi? Saroyda vazir bo‘lgandan beri o‘sha orzu-istaklarini Akbar yordamida amalga oshirishga intilayotgani shu boisdandir. To‘g‘ri, Akbar ham ichki-tashqi ziddiyatlar iskanjasidan qutulolmaydi, osiy banda sifatida katta gunohlar va hatolar qiladi. Abulfazl shuni bilsa ham, bari bir Akbardan umidini uzmaydi. Uning nazarida, Akbar favqulodda yirik shaxs, taqdir unga omadni ham, iste’dodni ham ayamay bergan. Abulfazl uning haqida tarixiy kitob yozarkan, o‘zicha bir savolga javob izlaydi: Kobulda ikki yarim yasharligida o‘zidan katta  amakivachchasi Ibrohim mirzoni kurashda yiqitgandan beri Akbarning yelkasi yer ko‘rmay kelayotgani¬ning sababi nimada? Abulfazl buning sir-u  asrorini Akbardan so‘rasa hazilomuz javob oladi:
— Men ham ko‘p yiqilganmen... Bir yoshdan oshib, endi yura boshlaganimda rahmatli amakim mirzo Askariy oyog‘imga sallalari bilan urib, besh-o‘n marta yiqitgan edilar. Shu haligacha g‘ira-shira yodimda bor. Bu turkiy udumni «bolaligingdagi yiqilganlaring butun umringga yetgulik bo‘lsin, ulg‘ayganda yelkang yer ko‘rmasin», degan tilak bilan qilar ekanlar. Ehtimol, shu tilak ijobat bo‘lgani uchun iqbol menga yordir?
Lekin Akbarning hayotini yigirma yildan beri yaqindan kuzatib yurgan Abulfazl zafarning o‘zi kelmasligini, har bir mushkulotni bartaraf qilishga behad ko‘p kuch, iste’dod, mehnat sarf bo‘lishini bilardi. Akbar ham ota-bobolariga o‘xshab kam uxlar edi. Yarim tunda yotsa ham, ertalab tong otar-otmas uyg‘onar, o‘rtacha to‘rt soat uyqu unga bir kecha-kunduzga yetar edi. Qolgan vaqti davlat ishi-yu, boshqa ming xil zarurotlarga taqsim bo‘lardi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:09:23
Kobul yurishidan keyin tashvish sal kamaygan bo‘lsa ham, daryoday tinimsiz oqayotgan hayot o‘z yo‘lida yangi-yangi o‘pqonlarga duch kelar, ular Akbarga  qo‘shib Abulfazlni ham kutilmagan girdoblar domiga tortardi.
Tashqi olamda ana shunday xatarli girdoblardan biri Peshovar va Haybar dovoni etaklarida bosh ko‘targan ravshaniylar isyoni tufayli paydo bo‘ldi. Bu isyonni shimoldan Abdullaxonning maxfiy odamlari qo‘llab-quvvatlardilar. Goa orolidagi Farangilar suv yo‘llari orqali Peshovarga qurol-yarog‘ yetkazib berib turdilar. Fathpur — Sekridagi Albert-Alibek ravsha¬niylar peshvosi shayx Jaloliddinni hibsdan qochirganini saroyda hech kim bilmay qoldi. Ammo bu shayx Peshovarga qaytib borib, Haybar dovonining nari-berisidagi yusufzaylarni qo‘zg‘olon girdobiga tortgandan keyin ravshaniylar isyoni Bianadagi mahdiylar qo‘zg‘oloniga o‘xshab, katta bir xalq harakatiga  aylan¬di, unga ming-minglab dehqonlar, cho‘ponlar ham ishtirok eta boshladi. Kobulda Man Sinx kabi rojputlar hokim bo‘lib turgani uchun shayxlar afg‘on qabilalarining milliy g‘ururini qo‘zg‘atdi. Ular mustaqil davlat tuzish uchun Haybar dovonini ikki tomonidan bekitib olishdi. Kobul markaziy davlatdan bir yilcha uzilib, karvon qatnovi to‘xtab qoldi. Tu-rondagi Abdullaxon shu qulay paytdan foydalanib, Badaxshonni o‘z qalamraviga o‘tkazdi.
Akbar navbatdagi yurishni Goa orolidagi farangilarga qarshi qilmoqchi bo‘lib, o‘n besh ming qo‘shin tayyorlagan edi. Endi bu qo‘shinni shimolga burishga majbur bo‘ldi.
Roja Birbal va Zayniddin ko‘kaldosh sarkarda¬ligidagi sakkiz ming qo‘shin Haybar dovonini ochish va Kobuldagi Man Sinx bilan aloqani tiklash uchun yuborildi.
Tashqi olamda mushkulot ko‘payganda ichki mu¬xoliflar ham dadillanishini Abulfazl shu kunlarda aniqroq his qildi. Akbarning noxayrixohlari endi uni o‘g‘li Salim yordamida yiqitish umidida ekanliklarini qattiq sir tutar edilar. Lekin gohi-gohida Farid Buxoriy Salimni «Shohnoma» qahramoni Suhrobga qiyoslab maqtaganda Alibek va Abduqodir Badav¬niylar bundan o‘zlaricha teran ma’no topib, mamnun ko‘z urishtirib olar edilar. Hech kimdan yengilmagan Rustamni o‘g‘li Suhrob yengganligi Abulfazlning ham esiga tushar edi-yu, «nahotki bular Akbarni ham Salim yiqitishiga shunchalik umid boylasalar?» deb iztirobga tushar edi. Bu mudhish niyatdan Salimning xabari bormikin? Hali u endi o‘n to‘rtga kirgan o‘smir-ku.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:09:45
Lekin Hindistonning issiq iqlimida Salim tez balog‘atga yetmoqda edi. Alibek Pereyro aytib bergan shahvoniy hikoyalar va yashirincha ko‘rsatgan behayo suratlar shahzodaning tushlariga kirib chiqadi. Oppoq badanlar surati kechasi goho tirik qizga aylanib, shahzodaning qo‘yniga kiradi, uning yuraklari gursillab urib, uyg‘onib ketadi. Keyingi paytlarda Alibek uni tezroq uylanishga chorlaydi.
Biroq Akbar voyaga yetmagan o‘smirlarning uyla¬nishini taqiqlaydigan maxsus qonun chiqargan. Chunki Hindistonda o‘n-o‘n bir yashar qizlarni ham erga berish odatlari bor. Balog‘atga yetmay qurilgan oilalarda xunuk hodisalar yuz beradi. «Sati» degan bid’at ham qancha begunoh ayollarning o‘lgan erlari murdasiga qo‘shilib olovda kuyib ketishlariga sabab bo‘lmoqda. Akbar maxsus farmon bilan «sati» odatini ham, o‘n-o‘n ikki yoshli qizlarni erga berishni ham qat’iyan man qildi. O‘g‘il bolani o‘n olti yoshdan oldin uylantirish, qizlarni o‘n to‘rtga to‘lmasdan erga berish qonun tomonidan taqiqlandi. Birbal, Abulfazl kabi allomalar maslahati bilan chiqarilgan bu qonun shahzoda Salimning Alibek tomonidan uyg‘otilgan istaklariga qarshi kelib qoldi. Salim va uning tarafdorlari bu qonunni chetlab o‘tish uchun qulay fursat poyladilar.
Navro‘z bayrami Hindistondagi barcha imon-u e’tiqod vakillari uchun barobar bo‘lgan umumxalq bayrami tarzida o‘tkazilar edi. Barcha saroy imoratlari, ko‘cha va maydonlar, bozor rastalari cho‘g‘day yasatilar, anvoyi shirinliklar, sumalak va «sh» bilan boshlanadigan yetti xil tansiq narsalar tayyorlanardi.
Navro‘zga bir kun qolganda Akbar eng yaqin bek-u a’yonlarini devoni omga yig‘di-da:
— Har biringiz dilingizga tugib yurgan bitta ezgu tilakni ayting, — dedi, — toki shu qutlug‘ ayyomda biz uni bajo keltiraylik.
Beklar taxtning o‘ng tomonida, podshoning yonida o‘ltirgan Salimga ko‘z tikishdi. U barcha a’yonlardan yoshroq — endi o‘n to‘rtga kirgan. Lekin to‘n¬g‘ich shahzoda bo‘lgani uchun keksa amir-u vazirlardan ham yuqoriroqda — Akbardan keyingi ikkinchi o‘rinda o‘ltiribdi. Bobur ham, Humoyun ham o‘z to‘ng‘ich o‘g‘lini mana shunday e’zozlab o‘stirgani uchun Akbar ota-bobolarining qarzini o‘g‘lida uzmoq¬da. U birinchi tilak aytish huquqini ham Salimga berib:
— Qani amirzodam, — dedi.
Salim o‘rnidan turib otasiga yaxshilab ta’zim qilgach:
— Hazratim, sizdek ulug‘ siymoga o‘g‘il bo‘lganim uchun tangriga shukurlar qilurmen! — dedi. — Agar joiz bo‘lsa, dilimdagi bitta tilakni aytgaymen.
— Joiz, joiz! — dedi Akbar jilmayib.
Salim otasidan so‘ramoqchi bo‘lgan tilagini mavlono Farid yordamida oldindan pishitib kelgani uchun yaxshi yod olgan darsini aytayotgan talabaday ravon so‘zlay boshladi:
— G‘azni yoki Badaxshon kabi salqin tog‘lar orasida yigitlar ehtimol o‘n olti yoshgacha balog‘atga yetmaslar. U yoqdagi qizlarni o‘n to‘rt yoshgacha erga bermaslik to‘g‘ri... Ammo Hindiston iqlimida yoshlar tez balog‘atga yeturlar... Azaldan.. odat bor... O‘g‘li-ngizning tilagi shuki, o‘n olti yoshdan uylanish haqidagi farmoni oliy shimoliy o‘lkalarga joriy qilinsa. Bu yerda o‘n to‘rt yoshdan uylanishga ruxsat berilsa... Qizlar o‘n ikki yoshdan uzatilsalar...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:10:41
Beklar shahzodaning halitdan uylanishni istab qolganini sezishdi-yu, bir-birlariga jilmayib qarab qo‘yishdi. Biroq Akbarga birinchi bo‘lib tilak aytgan o‘g‘lining bundan muhimroq narsalarni o‘ylamasligi va otasi chiqargan qonunni buzishdan toymasligi juda noxush tuyuldi. Lekin o‘g‘lini beklari oldida izza qilmaslik uchun hech narsa demadi-da, Salimga «o‘tira tur!» degan ishorani qildi, so‘ng Abulfazlga yuzlandi:
— Mavlono, sizning tilagingiz nedur?
— Hazratim, hanuzgacha e’tibordan chetda qolib kelmoqda bo‘lgan bir zarurat bor, — deb Abulfazl aholining soni haqida gapirdi. — Biz pulni hisob¬laymiz, molni hisoblaymiz. Biroq odamlarimiz qancha? Aholining qanchasi erkak, qanchasi ayol? Qancha odam qaysi elga, qaysi e’tiqodga mansub? Shuni haligacha aniq bilmaydirmiz. Holbuki, buni bilmasdan turib bexato siyosat yurgizib bo‘lmagay. Shuning uchun faqir butun mamlakatda aholi ro‘yxati o‘tkazilsin, deb tilak bildirgaymen.
Akbar bu tilakni ma’qul ko‘rib bosh irg‘adi. Boshqa a’yonlar katta ko‘priklar qurish, ariq qazib, suv chiqarish haqida muhim-muhim istaklarini aytdilar. Akbar davlat va el-yurt manfaatlarini ko‘zlab aytilgan hamma tilaklarni qabul qildi. Bularning qar¬shisida o‘g‘li Salimning faqat o‘zini o‘ylab bildir¬gan tilagi yanada mayda va bachkana tuyuldi.
Akbar a’yonlariga javob berdi-da. Salimni o‘zining xonayi xosiga boshlab kirdi. Uni qarshisiga tik turg‘izib qo‘yib:
— O‘g‘lim, sen bugun meni ham, o‘zingni ham xijolatga qoldirding, — dedi. — Butun mamlakatga e’lon qilingan farmonni men nechun bekor qilmog‘im lozim? Sening tezroq uylanging kelgani uchunmi?
Salim bo‘zrayib yerga tikilganicha sukut qildi. Uning uzr so‘ramay jim turgani Akbarga o‘jarlik alomati bo‘lib ko‘rindi.
— Senda halitdan nafs g‘olib kelsa, oqibati ne bo‘lishini o‘ylaysenmi? Axir nikohning muqaddas maqsadi — farzand ko‘rish-ku. Faqat ko‘ngilxushligi uchun uylanurlar, deb senga kim o‘rgatdi?
So‘nggi paytlarda Alibek Salimga Akbarning haramida qanaqa go‘zal qizlar borligini shivirlab aytib bergan va uni hazratdan ibrat olishga undagan edi. Lekin sir saqlashga o‘rgangan Salim hozir buni otasidan yashirdi.
Salimning boshi egik bo‘lsa ham, labining bir cheti tirjayib istehzoli jilmayganday bo‘ldi. U otasining mut’a nikohi bilan uylangan xotinlari ko‘pligini  esla¬tib, «o‘zingiz ham o‘rgatmoqdasiz!» demoqchi edi.
Akbarning haramida Salima begim, rani Jodha Bay kabi o‘g‘il tuqqan xotinlaridan tashqari Istambuli begim degan yigirma yoshli husnda tengsiz turk juvoni ham bor. Yana u farangistonlik Mariya degan sutga chayilganday oppoq bir go‘zalni ham nikohiga olganini Salim yaqinda Alibekdan eshitdi. Otasi qirqdan oshgandan buyon shu ikki yosh xotin unga qanchalik suyukli bo‘lib qolganini Alibek butun tafsilotlari bilan aytib berdi. Axir Salimning onasi Jodha Bay ham endi o‘ttiz beshga kirgan ko‘hlik juvon-ku. Onasi haftalar davomida Akbarning yo‘liga ko‘z tikib, kundoshlik alamidan yum-yum yig‘lagan paytlarida, otasi boshqa suyukli xotinining haramida ko‘ngilxushlik qilishini Salim bilmaydimi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:11:01
Akbar o‘g‘lining tirjayishidan shu ma’noni payqadi-yu, achchiqlanish o‘rniga o‘ng‘aysizlandi. Chunki u o‘z hayotining o‘g‘illariga ibrat bo‘lolmaydigan eng chigal qismi haramda kechishini bilardi. Nafis va jo‘shqin ehtiroslar daryosida chappar urib suzganlari, Jodha Bay qasrida satranj o‘ynaganlari, Salima begim ko‘shkidagi she’rxonliklar, boshqa xotinlari uchun qurdirgan orasta uylarda bo‘ladigan o‘yin-kulgi, ashula, raqs, xursandchiliklar — hammasi uning og‘ir janglarda va hokimiyat talotumlarida tortgan azoblari evaziga taqdir tomonidan yuborilgan mukofot, xolosmi? Yo‘q, ko‘ngilxushliklar o‘tgandan keyin boshlanadigan dilsiyohliklar Akbarga bu mukofotning ichi to‘la jazo ekanini ko‘rsatib turadi. Sevib uylangan jufti haloli Jodha Bayning muhabbatiga yarasha vafo kutib termulgan yoshli ko‘zlarini ko‘rganda Akbar o‘zidan o‘zi nafratlanadi. Boshqa xotinlari ham mudom uning diydoriga zor. Shohona uy-joylar-u zeb-u ziynatlar ham ularning ko‘zlariga ko‘rinmaydi. Gulday umrlari har zamonda bir kelib ketadigan erning dastidan xazon bo‘layotgani, ayniqsa, farzand ko‘rmay o‘tayotgan yosh xotinlari uchun dahshatli fojia ekanini Akbar ularning dil yorib yig‘lab gapirgan paytlarida bilib qoladi, ruhiy qiynoqlarga chiday olmay, hatto saroydan bosh olib ketgisi keladi.
Bultur yarim tunda otasi haramdan ruhan ezilib chiqib, yolg‘iz o‘zi Panjob tomonga yo‘l olganini o‘g‘li Salim ham eshitgan. Ikkita qo‘riqchi yigiti unga yaqinlashishga jur’at etolmay, ketidan ergashadilar. Qo‘rchibegi, «bunday paytda Akbarga so‘zi o‘tadigan yagona odam — roja Birbal» deb, uni uyg‘otdi. Ikkovlari qorong‘i tunda hamon piyoda ketayotgan Akbarga yaqin borib, otdan tushdilar. Birbal qo‘rqa-pisa yoniga borganda, Akbar uni ham jerkib tashladi:
— Meni o‘z holimga qo‘ying! Keting!
— Hazrati shahanshoh, axir qorong‘i tunda qayga bormoqchisiz?
— Meni taxtga chiqargan joylariga borgaymen. Podshohligini qaytarib berib, bu gunohlardan soqit bo‘lmoqchimen. Keting! Ergashmang!
«Xushi joyida emas, Istambuli begim huzurida ko‘proq ichib qo‘yganmi?» deb o‘yladi Birbal. So‘ng tong otguncha Akbar bilan qorama-qora boraverdi. Atrof yorishib ketgandan so‘ng yo‘lda uchragan odamlar uni taniy boshladi. Kun yoyilganda Akbarning atrofida odam ko‘payib ketdi.
Akbar Panjobgacha piyoda yetolmasligini endi fahmlaganday bo‘ldi-yu, ot keltirishni buyurdi. Birbal ham otlanib, o‘ttiz milcha yo‘lni birga bosib o‘tdi. U yoqdan bu yoqdan gapirib, har xil hikoyat, rivoyat va latifalar aytib berdi-da, axiri Akbarni jilmayishga majbur qildi. Hovuri sal bosilgandan keyin, Birbal uni saroyga qaytishga ko‘ndirdi.
Bu yil bahorda Akbar yana haramdagi ruhiy qiynoq¬lardan bezib, saroydan sahar palla yolg‘iz chiqdi-da, Sekrining janubidagi o‘rmonlarga kirib ketdi. Ikki kungacha tuz totmadi, hech kimni yaqiniga yo‘latmadi. Bu gal hatto onasi Hamida begim bilan ham gaplashgisi kelmadi. Uning haramga oid nozik va chigal sirlarini faqat roja Birbal bilar edi. Yana shu do‘sti Akbarning oldiga borib, quvsa ham ketmay, axiyri uni dil yorib so‘zlashga majbur qildi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:11:13
— Farangi xotinim Mariya yig‘lab aytdiki, «hatto qullarni ozod qilibsiz, qul emas, chela deb atashni buyuribsiz, lekin haramda sizni suyadigan xotinlaringizni nechun bunchalik qattiq tutmoqdasiz?» Shunday deb eshikni menga ko‘rsatdi: «Buni faqat tashqaridan qulflaydilar, qulf ichkaridan ochilmaydigan qilib o‘rnatilmishdir!» Ya’ni haramdagi ayol ostona hatlab tashqariga chiqmasin, uning har bir qadami nazorat ostida bo‘lsin, deb shunday qilinmishdir!
— Bunday haram tutish rusumini siz o‘ylab chiqaribsizmi, hazratim? Necha asrlardan beri davom etib kelayotgan shohlik udumi shunday bo‘lsa na¬chora?
— Lekin shu shafqatsiz udumni yo‘qotib bo‘lmagaymi? Bechora Mariya... boshqacha hayotga o‘rgangan... Yoki unga javob beraymi?
— O‘zi shuni istaydirmi?
— Yo‘q, u menga dil bergan. Istaydiki, men ham faqat bitta uni deyin. Rahmatli Salim ota ham, sherga o‘xshab, bitta tanlagan juftim bilan yashashni mas¬lahat bergan edilar. Ne qilay? Boshqa xotinlarni taloq qilib haramdan chiqarsam...
Roja Birbal qo‘rqib ketdi:
— Bu hech mumkin emas! O‘g‘illaringizning onalarini taloq qilib, haramdan chiqarish... Yo‘q, yo‘q! Aytishga til bormaydir!
Akbarning o‘zi ham buning mumkin emasligini sezib turibdi. Boshi berk ko‘cha, yechib bo‘lmaydigan tugun! Birbal ikkovlari o‘rmonda gulxan yoqib kechasi bilan gaplashib chiqishdi. Ko‘pni ko‘rgan Birbal o‘zi bilgan har xil g‘aroyib voqealardan, o‘qigan turli kitob¬laridan misol keltirdi:
— Inson hayotida yechib bo‘lmaydigan tugunlar hamisha bo‘lgan, ular har bir kishining dilida bor, — deb Akbarni ishontirdi...
Rang-ro‘yi o‘chgan, o‘rmonda ozib ketgan otasi g‘alati bir ahvolda Birbal bilan birga saroyga qaytganini Salim ham ko‘rgan edi. Akbar bu voqealarning sababini o‘g‘lidan sir tutardi. Hozir ham u Salimga pardali qilib gapirdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:11:29
— Men ko‘rgan ruhiy qiynoqlarni ilohim sen ko‘rmagin, o‘g‘lim! Shu niyatda senga Salim otaday insofli pok bir odamning nomini qo‘yganmen.
Salim hamon boshini egib jim turibdi. Ammo endi labining ikkinchi cheti ko‘tarilib, yana kinoyali jilmaydi. U Salim otaning o‘ttiz yoshda suyaklari urib sindirilgan nogiron odamga aylanib, hassaga suyanib qolganini mavlono Fariddan eshitgan. Buning nimasiga havas qilib bo‘ladi? Salim yigitlik kuchining bepo¬yonligi jihatdan otasiga o‘xshashni, balki undan ham o‘zishni istaydi.
Akbar o‘g‘lining avzoyidan so‘nggi gapi bekor ketganini sezdi-yu, ota-bobolarining tajribasini guvohlikka chaqirdi:
— Axir sen ham o‘zingday yaxshi o‘g‘il ko‘r¬mog‘ing uchun yoshing yetilmog‘i kerak! Mana, qara: sen tug‘ilganda men yigirma yetti yoshda edim. Bobur bobomiz tug‘ilganda otalari Umarshayx mirzo ham yigirma yetti yoshda ekanlar. Men tug‘ilganda hazrat otam o‘ttiz uch yoshda bo‘lganlar.
Salim endi boshini ko‘tarib, otasiga ma’yus bir nazar tashladi. Nahotki otasi uni yigirma-o‘ttiz yoshlargacha bo‘ydoq yurgin demoqchi?
— Hech bo‘lmasa, o‘n oltidan oshgin, — dedi Akbar. — Nazarimda, hozirgi muallimlaring seni to‘g‘ri yo‘lga sololmayotganga o‘xshaydir. Endi Abulfazlni senga bosh tarbiyachi qilib tayin etgaymen.
Salimga Agrada alohida qasr qurib berilgan. Shah¬zodalik udumiga binoan yuzlab odam uning itoatida edi.
Abulfazl shahzoda Salim ixtiyoridagi qasrga borib, unga tarixdan, falsafadan dars berib yurgan kezlarda Akbar o‘zining yangi maslagini e’lon qildi. Abulfazl birinchilardan bo‘lib uni qabul qildi-yu, Salimni ham otasining yo‘liga yurgizishga intildi.
Salim yana kinoyali kulimsiradi:
— Biroq men hali yoshmen, yangi maslakni balog‘atga yetganlar qabul qilsin.
— Ob-bo, hazratim uylanishga shoshilma deganlaridan haligacha xafa bo‘lib yuribsizmi, a? Ammo hushyor bo‘ling. Tojdor ota bilan voris o‘g‘li orasida kichkina bir joy darz ketsa shunga darhol pona qoqib, yoriqni jarga aylantiruvchilar bor!
— O‘shalar kimlar? — o‘smoqchilab so‘radi Salim.— Todar Malmi? Tog‘alarim Man Sinx bilan Bhagvan Dasmi?
— Xudo saqlasin! — xitob qildi Abulfazl.
— Axir ular ham dini ilohiyni qabul qilmabdir¬¬lar-ku?!
— Amirzodam, yangi maslakni qabul qilish ixti¬yoriy. Agar majburiy bo‘lganda tog‘alaringiz qabul qilardi. Ammo hazratimning yangi e’tiqodlarini «bhaqti» tarafdori bo‘lgan ming-ming dehqon-u kosib¬lar, navkar-u zahmatkashlar ixtiyoriy qabul qilmoqdalar. Bu borada turli shahar-u qishloqlardan kelgan axborotlarni sizga ham ko‘rsatmog‘im mumkin. Abduqodir Badavniyni bilsangiz kerak. Badqovoq imomlardan bo‘lgan shu odam ham «mamlakatning avom xalqidan yarmisi yangi maslakka o‘tishi mumkin»* deb qo‘rqib yuribdir.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:12:06
— Mavlono, menga avomlarni ibrat qilib ko‘rsatmang. Undan ko‘ra tasvirxonaga boshlab boring.
Salimda musavvirlikka qiziqish borligini sezgan Abulfazl uni tasvirxonaga boshlab keldi. Bu yerda Xo‘ja Abdusamad, Basavan, Kesu Gujarati, Farruhbek Qalmoqi, Jagan Nath degan turli ellarga mansub rassomlar «Boburnoma» voqealari asosida xilma-xil rasmlar chizmoqda edilar. Akbarning buyrug‘i bilan musavvirlar Alisher Navoiyning «Xamsa»sini ham chiroyli suratlar bilan bezagan edilar. Yangidan ko‘chi¬rilgan «Xamsa» sahifalaridan birida Farhod o‘z suyukli yori Shirinni oti bilan birga ko‘tarib daryodan o‘tkazib qo‘ygani ko‘rsatilgan edi. Akbarning ko‘rsatmasi bilan ishlangan yana bir suratda Navoiyning o‘z «Xamsa»sini tugatib, Husayn Boyqaroga keltirib berayotgan payti ifoda etilgan edi. Ulug‘ xamsanavis shoirlardan Nizomiy va Xisrav Dehlaviylar tepadan ularga zavq bilan qarab turganlari ham suratda ta’kidlab ko‘rsatilgan edi.
Salim «Mahabxorat» va «Ramayana»ga ishlanayotgan afsonaviy suratlarni ham qiziqib tomosha qilgandan keyin Xo‘ja Abdusamad unga otasining suratlarini ko‘rsatdi. Qalam bilan chizilgan xomaki bir suratda Akbarning ko‘zlari yarim yumuq, qattiq o‘yga tolgan payti xuddi hayotdagidek  aniq ko‘rsatilgan edi. Yana bir suratda Akbar Farangistondan kelgan qora kiyimli ruhoniylarni qabul qilgan payti. Gilam ustida Sinay tog‘idan keltirilgan muqaddas toshlar yotgani nafis bo‘yoqlar bilan tasvir etilgan edi. Shahzoda Salim musavvirlarning ishiga astoydil qiziqayotganini payqagan Abulfazl uning tasvirxona orqali otasiga ruhan yaqinlashtirib, maslakdosh qilish fikriga bordi.
— Amirzodam, agar istasangiz, san’atkorlar sizning ham suratingizni chizmoqlari mumkin, — dedi.
— Ittifoqo, qiyofalari ham hazrat otalariga o‘xshash, — dedi Xo‘ja Abdusamad.
Biroq Salim o‘z suratining otasinikidan butunlay boshqacha tarzda chizilishini istar edi. Akbarning suratlari unga hayotda bor narsalardan nusxa ko‘chi¬rilganday jo‘n ko‘rinardi. Salim esa afsonaviy ko‘tarinkilikni yaxshi ko‘rardi. U «Mahabxorat»ning afso¬naviy voqealarini tasvir etgan rassomlarga o‘zining shu haqdagi istagini aytdi:
— Tushimda Xo‘jai Xizrga o‘xshagan nuroniy bir mo‘ysafid menga kitob bergan edilar. O‘sha paytda baland bir joyda o‘ltirgan ekanmen. Pastimda qanotli odamchalar uchib yurganini ko‘rdim. Farishtalar bo‘lsa kerak. Ana shu hodisani tasvir etish mumkinmi?
Musavvirlardan biri shahzodaning bu istagini darhol bajo keltirishga kirishdi. Yana bir rassom Salimning onasi rajputlardan ekanini, uning tog‘a avlodlarida Sinx, ya’ni sher degan nomlar ko‘pligini nazarda tutib, shahzodani kulcha bo‘lib yotgan yuvosh bir sherning ustida tikka turgan holda yovlariga kamondan o‘q otayotgan afsonaviy botir jangchi qiyofasida tasvirladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:12:28
Salimga bu suratlar behad yoqqani uchun ularni chizgan rassomlarga katta in’omlar berdi. Abulfazl esa shahzodaning tashqi qiyofasi otasiga o‘xshasa ham, siyrati boshqacha ekanini bu suratlar orqali sezib lol bo‘lib qoldi.
Akbar o‘zi haqidagi suratlarning mumkin qadar haqqoniy bo‘lishini istaydi. U ota-bobolarining suratlarini chizdirganda ham, birortasiga Xo‘jai Xizr yoki farishtalarni qo‘shdirgan emas. Holbuki, «Akbarning jilovida Xizr yurgay», deb ishonadiganlar ko‘p. Biroq o‘zini nazarkarda qilib tasvirlatish Akbar uchun o‘ta nokamtarlik bo‘lib tuyuladi.
Salim esa halitdan o‘zini Xizr nazar qilgan farishtalar yorlaqagan, sher yelkasiga mindirgan afsonaviy botir qilib tavirlatsa, keyin nima bo‘ladi?
Abdulfazl o‘zining mana shu andishasini Akbarga borib aytdi.
— Mashaqqat chekmay o‘sgan bola o‘zini bosib olishi qiyin bo‘lar ekan-da! — deb, Akbar uh tortdi: — Qattiq gapiray desang, dili nozik, darrov ko‘ngli qolgay. Biz shu yoshda qancha azoblarni boshdan kechirgan edik. Bularning zamonasi boshqa. Otasining davlati soyasida faqat rohat-farog‘atda yashashni o‘ylaydir. Nachora? Biz yoshlikda ko‘rmagan rohatlar ham o‘g‘illarimizga nasib qilgan ekan-da. Salimning tomirida rajput qoni ham bor, juda tez ulg‘aymoqda, uylanishga shoshilayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Qaynog‘amiz Bhagvan Dasning chiroyli qizi bor. Ismi Man Bay. Salimning shunga ishqi tushgan emish. Hozircha unashtirib qo‘yaylik. o‘n oltiga to‘lganda nikohlab bergaymiz.
— Balki uylansalar quyulib ham qolarlar, — deb umid qildi Abulfazl.
Lekin Salim uylanib ham bosilmadi, o‘n olti yoshida xotin olib, o‘n yettiga to‘lmasdan o‘g‘il ko‘rdi-da, otasiga: «Hozirgi yoshlar sizlardan tezroq balog‘atga yetishini bilib qo‘ying!» deganday g‘olibona kulimsirab qaradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:12:41
O‘n besh yoshli Man Bay baquvvat, sog‘lom bola tuqqanini ko‘rib Akbarning o‘zi ham hayron edi. Bolaga Xisrav deb ot qo‘ydilar. Man Bayning o‘zini Akbar Shoh begim deb ulug‘lay boshladi. Salim esa o‘n sakkiz yoshida Zayniddin ko‘kaning qiz jiyaniga oshiq bo‘lib qoldi. Hamida begim oraga tushib, «nevaram endi musulmon oilasiga ham kuyov bo‘lsin», dedi. Shu sabablarga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshli Salimga ikkinchi qizni ham olib berdilar. Oradan bir yil o‘tmay bu kelin ham o‘g‘il tug‘di-yu, otini Parvez qo‘ydilar.
Akbar Abulfazlni chaqirib:
— Shahzodaga endi biron viloyatni beraylik, — dedi va kuldi: — Boshqa ishi bo‘lmagandan keyin butun kuchini haramga berib yana uylangisi kelib qolmasin.
— Rost, «Xotira yozgaymen», deb uni ham qilmadilar. Menga biron sahifa yozuv ko‘rsatgan emaslar.
Akbar Salimni poytaxtga yaqin bo‘lgan Ajmirga hokim qilib jo‘natdi. Oradan ikki yil o‘tmay, Ajmirda u yana bir afsonaviy go‘zalga oshiq bo‘lib qoldi. Rani Balmati ismli bu qiz Bobur bilan jang qilgan mashhur rajput sarkardasi Rana Sangram Sinxning chevara avlodlaridan edi. Qizning bobosi Uday Sinx avvalgi adovatlarni unutib, Gujarat yurishida Akbarga ittifoqdosh bo‘lgan edi. Lekin shu xonadondan chiqqan Pratap Sinx nomli boshqa bir botir yigit haligacha Akbarni tan olmay, tog‘lik o‘rmonlarda uning askarlariga qarshi jang qilib yurar edi. Endi Akbar o‘g‘lini Uday Sinxning chevarasi va Pratap Sinxning qarin¬doshiga uylantirsa, butun mamlakat taniydigan mashhur oilani o‘ziga el qilishi mumkinligini o‘yladi va Salimga Rani Balmatini ham olib berdi. Oradan bir yil o‘tgach, bu uchinchi kelin Akbarning avvalgi neva¬ralaridan ham miqtiroq va ko‘hlikroq o‘g‘il tug‘di. Bu o‘g‘ilga Xurram deb ot qo‘ydilar.
Akbarning nevaralari ko‘payib, yoshi ellikka yaqinlashgan sari ko‘z taglari salqigan, durustgina qorin ham qo‘ygan, yuzlarida ajinlar ko‘paygan, mo‘yloviga oq tolalar oralagan bobo qiyofasiga kirib borardi. Unga shafqatsiz bo‘lgan vaqt endi butun marhamatini Salimga ko‘rsatmoqda edi.
Yigirma ikki yoshida uch o‘g‘ilning otasi bo‘lgan shahzodaning ko‘ngli o‘sib, yigitlik jozibasi yil sayin barq urib ochilib borar, u har qanday qizni o‘ziga mahliyo qila oladigan zabardast ko‘hlik yigit ekanini o‘zi ham sezib mag‘rurlanardi.
Salimning xos navkari Alibek Pereyro ham bu orada agralik bir hind qiziga uylanib, undan farzand ko‘rdi. Alibekning umrbod Hindiston fuqarosi bo‘lib qolganiga endi shayx Farid ham ishondi. Avvallari, «bu farangi shahzodani dindan chiqarmasin tag‘in!» deb xavotirda yurgan shayx Farid bora-bora Alibek bilan til topishib, inoqlashib ketdi. Chunki Alibek ham shayx Faridga o‘xshab, Abulfazlni yomon ko‘rar va Akbarning o‘rniga tezroq shahzoda Salimni taxtga chiqarish orzusida yurar edi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:13:09
Aslida-ku, Albert Pereyro Akbar bilan Salim orasida nifoq chiqarish to‘g‘risida Goadan maxfiy topshiriq olgan. Shu maqsadda Alibek shahzoda Salimning otasiga yoqmaydigan xotinbozliklariga iloji boricha ko‘proq yordam berardi.
Salim Alibekni o‘rtaga qo‘yib, Mehriniso nomli go‘zal bir eronlik qiz bilan tanishdi. Bu qizga oshiqi beqaror bo‘lib, avvalgi yosh xotinlariga qaramay qo‘y¬di. Erining intihosiz bevafoliklari Akbarning suyukli kelini Shoh begimning o‘limiga sabab bo‘ldi. Endi yigirma yoshga kirgan bu ko‘hlik juvon afyunni ko‘p ichib, o‘zini o‘zi o‘ldirdi.
Ostonaga bosh qo‘yganicha abadiy uyquga ketgan yosh juvonning tepasida olti yashar o‘g‘ilchasi Xisrav yig‘lab turar, hali o‘lim nimaligini bilmaydigan bechora bola nuqul onasini uyg‘otmoqchi bo‘lardi. Akbar buni ko‘rib larzaga keldi. Salimga nafrat va g‘azab bilan qichqirib:
— Sen shu fojianing sababchisisen! — dedi. — Malakday juvonning uvoli sening bo‘yningda! Tog‘ala¬ringning oldida bizning ham yuzimiz shuvit! Bu og‘ir gunohni faqat fidoyilik bilan yuvmog‘ing mumkin. Shaybonizodalar Badaxshonga bostirib kirmishlar. Haybar dovonida yusufzaylar bizga qarshi isyon ko‘tarmishlar. Endi o‘shalarning ustiga qo‘shin tortgaysen! Janglarda o‘lim bilan olishib poklangaysen! Bor, yo‘l tayyorligini ko‘r!
Salim e’tirozga og‘iz ocholmay ta’zim qilganicha chiqib ketdi. Ammo uning yusufzaylar bilan ham, shayboniyzodalar bilan jang qilishga xohishi yo‘q edi. Shayx Farid bilan Alibek ham:
— Zinhor Haybar dovoniga bormang! — deb shi¬virladi.
— Roja Birbalning o‘limi ozmi, sizni ham otangiz shunday xatarli joyga yubormoqchi?
Roja Birbal Qorakar dovonida halok bo‘lgan, ravshaniylar tog‘-u toshlar orasidan tinimsiz hamlalar qilib, Akbar qo‘shiniga katta talafot yetkazgan edilar. Qorli tog‘lar orasida sarkardasiz qolgan qo‘shin orqaga chekinishga majbur bo‘lgan edi. Buni yaxshi biladigan Salim Haybar dovoniga jo‘nash haqidagi buyruqni bajarmay Agradagi qal’asiga qaytib bordi-da, o‘zini kasalga solib yotib oldi.
Undan xabar olishga yuborilgan Abulfazl Salim¬ning Jamna bo‘yidagi Hasht Bihisht bog‘ida yana o‘sha Mehriniso bilan uchrashib, visol zavqini surib yurganini bilib keldi.
Akbar endi g‘azabini bosolmadi. Mehrinisoning otasi e’timodxon Akbar qo‘shinida mingboshi edi.  Akbar uni chaqirtirdi-da:
— Qizingizni kimga uzataylik? — deb so‘radi. — Salimdan boshqa kimni kuyovlikka munosib ko‘rursiz?
e’timodxon podshoning avzoyi yomonligini sezib, uning ra’yiga qaradi:
— Qizimizga Aliquli Istojli degan ozarbayjon yigit¬ning ko‘ngli bor, — dedi. — Sherni yiqitgani uchun Aliquli Sherafkan degan laqab olgan. O‘zi menda yuzboshi.
Akbarning buyrug‘i bilan Mehrinisoni ertasi kuni¬yoq o‘sha Sherafkanga nikohlab berdilar. Akbar bu yigitni Bixardan nari Bangoladagi viloyat hokimi Qutbiddinning ixtiyoriga mingboshi qilib jo‘natdi, Mehriniso ham bir kechada eri bilan Bangolaga ketib g‘oyib bo‘ldi. Agradan Bangolagacha otda bir oylik yo‘l. Salim Mehrinisodan butunlay ayrildi. Akbar uni Agradan o‘z huzuriga chaqirib oldi-da, past tovush bilan:
— Nechun buyruqni bajarmadingiz, amirzoda? — deb sizlab gapirdi. Ammo uning muloyim qilib «siz»lashidan qo‘rqqulik edi. Salimning ovozi titrab:
— Bemormen... — dedi. — Shu ahvolda jangga borsam... ko‘nglim sezib turibdir... men ham roja Birbaldek halok bo‘lgaymen!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:13:49
Akbar ko‘ngil sirlarini aytib dardlashadigan suyukli musohibi roja Birbalni yusufzaylarga qarshi jangga yuborganidan ming-ming pushaymon edi. Qorakar dovonida isyonchilar bilan jangga kirib qaytib chiqmagan Birbal benom-u nishon yo‘qolgan edi. Qishda Qorakar va Haybar dovonlari bekilib qoldi. Yozda dovonlar ochilgandan keyin Akbar yuborgan olti ming kishilik qo‘shin shayx Jaloliddinni G‘azni tomonlarga qochishga majbur qildi. Akbar afg‘on qabilalarining ta¬labiga binoan Man Sinxni Kobuldan chaqirib olib, o‘zining ko‘kaldoshi, asli afg‘onistonlik tojik Zaynid¬din ko‘kani Kobulga hokim qilib tayinladi. Yusuf¬zaylar u bilan tez til topishdilar va murosa yo‘liga o‘tdilar. Shundan so‘ng dovonlar ochilib, karvonlar qatnovi tiklandi.
Faqat roja Birbalni ikki oy izlab, hech joydan jasadini ham topolmadilar. Bu mash’um hodisadan Akbar uzoq vaqt musibat chekib yurdi.
O‘g‘lining so‘nggi gapi undagi o‘sha musibat tuyg‘usini uyg‘otdi-yu, qahrini sal bosdi.
— Bemor emish!.. — deb Akbar yumshagan tovush bilan kinoya qildi: — Hasht Bihisht bog‘ida yangi ma’shuqa bilan kayf-u safo qilib yurganingizni biz bilmaymizmi? Sizdagi bemorlik — shahvatparastlikdir! Men ham farishta emasmen, ko‘p xotin olib og‘ir gunohlar qilganmen! Ehtimol shuning qasosi o‘g‘lim¬ning shahvatparastligidan qaytayotgandir! Lekin biz qilgan yaxshiliklar nechun qaytmaydir? Biz tortgan azoblar, biz qilgan mehnatlar sizda nechun yo‘q? Ertagayoq ko‘ch yig‘ishtiring! Tog‘angiz Man Sinx Kobuldan qaytdi. Siz u bilan Rajastxon viloyatiga jo‘nagaysiz! Men bolaligimda ko‘rgan Tar sahrosini siz ham bir ko‘ring, issiq-sovuqlarda toblanib, odam bo‘ling!
Salim otasining bu galgi buyrug‘ini bajarmay iloji yo‘q edi. Tog‘asi Man Sinx ham juda qattiqqo‘l odam. U ayniqsa, jiyani Shoh begimning o‘limidan keyin Salimga ayovsiz muomala qilishi aniq. Rajastxon esa poytaxtdan uzoqdagi isyonkor, notinch o‘lka, Salimning Agradagi so‘lim bog‘lardan, Sekridagi safoli ko‘shklardan ko‘ngil uzib chet joyga ketishi behad qiyin bo‘ldi. Abdulfazl uni jo‘natish uchun kelganda Salim Alibekning oldida butun zahrini otasining do‘stiga sochdi:
— Siz meni otamga yomonlab, Mehrinisodan* judo qildingiz! Rajastxonni ham siz o‘ylab topgansiz! Ammo bilib qo‘ying, mavlono, sizga ham qasos qaytgusidir!
Bu gaplar Abulfazlga qanchalik qattiq botsa, Alibek bilan shayx Faridga shunchalik xush yoqdi. Chunki Salim qasd qilsa Abulfazlni o‘ldirtirish qo‘lidan kelardi.

_____________
* Badavniyning bu so‘zlari uning «Mutaxabi tavorixi»da ham bor.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:14:15
K A S H M I R,   L A X O‘ R,    A G R A
SO‘NGGI QADAMLAR

Bir-biriga tutashib ketgan o‘ng ikkita zilol ko‘lning oynaday tiniq sathida qorli Himolay tog‘lari, archazor va qarag‘ayzor yonbag‘irlar, qirg‘oq yaqinidagi mirzateraklar, chinorlar, sanobar daraxtlari behad ko‘payib aks etadi. Anvoyi gulshodalar bilan bezatilgan kemalar karvoni Dal* ko‘lidan Gulor va Degin ko‘liga suzib o‘tar ekan, ular qo‘zg‘atgan to‘lqinlar qirg‘oq yaqinida ochilib turgan minglab nilufarlarni sho‘x-sho‘x tebratib qo‘yadi. Kemaning pastki qismida Akbar davrining eng mashhur sozandasi Tansen boshliq mashshoqlar Kashmir tabiatining ko‘rkiga mos tushadigan go‘zal va nafis kuylar chalib bormoqdalar. Kemaning shiyponga o‘xshash boloxonasi tolorida Akbar, uning onasi Hamida bonu va ammasi Gul¬badan begim yumshoq zarbof kursilarda o‘ltirib, atrofni tomosha qilmoqdalar. Orqadagi kemalardan birida Jodha Bay nevarasi Xisrav va nadimalari bilan suzib kelmoqda. Salima begim ham kelinli, nevarali bo‘lgan. Shahzoda Murod Aziz ko‘kaning qiziga uylanib, o‘g‘il ko‘rdi, otini Rustam qo‘ydilar. Uchin¬chi kemada Salima begim Rustamni qo‘lidan yetaklab, Kashmir tog‘larini ko‘rsatmoqda.
— Ana u — Zabarvan tog‘i.
— U-chi? — deb besh yashar Rustam ikkinchi tomondagi tog‘ni ko‘rsatadi.
— Xari Parvat tog‘i, — deb tushuntirdi Salima begim, — bu tog‘ning ustidagi qal’ani hazrat bobo¬ngiz qurdirmishlar.
— Ana u nedir? — deb bola qirg‘oqdagi bog‘ni ko‘rsatadi.
— Bu — Nasimbog‘. Ichida favvoralari bor. Uni ham hazrat bobongiz bino qildirganlar.
Kashmirning ko‘llarida yuzlab katta-kichik kemalar suzib yuribdi. Ulardan ham ko‘proq kemalar qirg‘oqlarda langar tashlab turibdi. Ko‘l suvi osoyishta, havo iliq va mayin. Yil bo‘yi kemalarda istiqomat qiladigan kashmirliklar bor. Tog‘dagi o‘rmonzorlarda esa kemasozlik uchun yaxshi yog‘och beradigan daraxtlar o‘sadi. Akbar Kashmir kemasozlariga buyurtmalar berib besh yuzdan ortiq kema qurdirdi. Uning bu tadbiri kashmirliklar uchun ayniqsa bu yilgi tabiiy ofatlardan keyin juda qo‘l keldi.
Hozir quyosh charaqlab turgan iliq va quruq sunbula oyida bahordagi qalin qorlarni ko‘z oldiga keltirish qiyin. Kashmirda bodom yaxshi bo‘ladi. Bu yerning bog‘lari butun Hindistonni bodom bilan ta’minlaydi. Kashmir hatto qo‘shni mamlakatlarga ham bodom chiqarib sotadi. Lekin bu yil navro‘z kunlarida Kashmir bodomzorlari oq-qizg‘ish bodom gullariga burkangan paytda ikki kecha-yu kunduz ti¬nimsiz laylakqor yog‘di. Qorning qalinligi odamning belidan baland edi. Yo‘llar bekilib qoldi. Qiyg‘os gullagan bodomlarning shoxlarini qalin qor o‘z zalvori bilan qars-qars sindirib tashladi. Yuz minglab bodom daraxtlarini ikki kunda shunday piypalab, gullagan shoxlarini bittalab sindirib chiqishga hech qanday yovuz dev yoki alvasti ham ulgurmagan bo‘lardi. Hamma bodom gullarini sovuq urib, singan shoxlari pastga osilib qoldi. Bodom hosilidan shu tarzda mahrum bo‘lgan kashmirliklarning tirikchilik tebratishi qiyinlashdi, ocharchilk boshlandi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:14:31
Savdo karvonlari bu yerga guruch, bug‘doy va boshqa yegulik narsalarni ko‘proq tashib keltirgani sari bozorlarda narx-navo pasayib bordi. Ammo tabiiy ofatga uchragan ko‘pchilik kashmirliklarda bozordan don olish uchun pul yo‘q edi. Aholi mehnat qilib pul topishi uchun ham Akbar Xari Parvat tog‘i ustidagi qal’ani va ko‘llarda suzib yurgan yuzlab kemalarni qurdirdi. Kashmirda suv ko‘p. Ko‘llardan tashqari Jelam daryosi ham suvga to‘lib oqadi. Buning ustiga qor-yomg‘ir suvlari qo‘shilsa, bog‘lar va ekinzorlarni suv bosadi. Bu ofatdan saqlanish uchun Akbar katta ariqlar qazdirdi. Faqat bu ariqlar ekin sug‘orishga emas, aksincha, dalalardagi ortiqcha suvni qochirishga xizmat qila boshladi.
Shu tarzda kashmirliklarning ocharchilik va qahatchilik balolaridan qutulishi ancha osonlashdi. Akbar bu yerda ham qurilish va obodonchilik ishlarini yo‘lga qo‘ygani uchun Kashmirda uning hayrixoh¬lari ko‘payib bormoqda. Akbar uni shu bugun oila a’zolari bilan qirg‘oqqa kelib, kemalarga chiqayotganda o‘zi, onasi va ammasining poyi qadamiga nafis gul barglari sochgan kashmirliklarning iliq muomalaridan sezdi.
Hozir ko‘l sathidan ko‘rinayotgan ulug‘vor manzaralar zavqi kemadagilarning kayfiyatini yanada baland ko‘tardi. Tabiatan juda ta’sirchan bo‘lgan Gul¬ba¬dan begim shavq-zavqini ichiga sig‘dirolmay xitob qildi:
— Hazrati Akbarjon, aylanay sizdan, keksa ammangizni Adandagi jahannam azobidan qutqarib, jannatday go‘zal Kashmirga olib keldingiz-a! Tog‘ dovonlaridan go‘yo kaftingizda olib o‘tganday bo‘ldingiz!
— O‘shanda tortgan azoblaringizning rohatini ham ko‘ring dedim-da! Axir siz boburiylar xonadonining eng yoshi ulug‘ valine’mati bo‘lib qoldingiz.
— Rost-a, Hamida begim, yoshim yetmishdan oshdi. Adanda yetti oy hibsda yotganimda nuqul xotiralar bilan jon saqladim. Jannatmakon otam, rahmatli og‘am, Humoyun... ularning boshlariga tushgan kulfatlar... Birga ko‘rgan yaxshi kunlarimiz... Hammasini ilk bor asirlik kunlarimda qog‘ozga tushirgan edim.
— Sizda ham hazrat bobomizdagi adiblik iste’dodi borligini men o‘sha yozuvlaringizdan bildim, — dedi Akbar. — Tarixning ne-ne ulug‘ voqealari sohibqalam muarrixlar tomonidan yozib qoldirilmagani uchun butunlay unutilib ketmishdir. iste’dod nuri bilan yo‘g‘rilgan, qalb harorati bilan ilitilgan tarixiy voqealargina avlodlar xotirasida abadiy yashab qolur ekan. Shuning uchun men hatto Sherxon tarixini ham Ahmad Sarangoni nomli sohibqalam afg‘on muarrixiga in’omlar berib maxsus yozdirdim. Ahmad Saran-goni Sherxon askarlari safida xizmat qilgan ekan, uning botirligini rosa maqtabdir. Mayli, Sherxonning katta tajribasi-yu boshdan kechirgan hodisalari ham avlodlarga saboq bo‘lsin. Haqiqat zarralari bizning raqiblarimiz ilkida bo‘lsa, ularni o‘sha joydan ham topib, e’zozlab, umuminsoniy bir ma’naviyat xazinasiga qo‘shmoq — bizning burchimizdir.
— Bu burchni faqat mard, donishmand siymolargina shunchalik teran his qilurlar! — dedi Gulbadan begim Akbarga. — Siz meni ham shu burchga xizmat qildirganingizdan boshim ko‘kka yetmishdir. Mana, hozir Kashmirning afsonaviy go‘zalliklaridan zavq olib, o‘zimni baxtiyor sezmoqdamen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:14:56
Kashmirga kelishdan oldin Gulbadan begim Akbarning iltimosiga ko‘ra «Humoyunnoma» kitobini yozib tugatgan edi. Humoyun davrining barcha achchiq-chuchuklarini birga boshdan kechirgan Ha¬mida bonu ham Gulbadanga o‘zi yaxshi bilgan voqealarni aytib berib, kitobning mukammal chiqishiga ko‘maklashgan edi. Akbarga Bobur bobosining o‘lmas xotiralariday samimiy va haqqoniy tuyulgan bu kitobda faqat ayollargina aytib bera oladigan shunday nozik va go‘zal nuqtalar bor ediki, ularni o‘qigan odam Gulbadan begimning nafis didiga ham, adiblik iste’dodiga ham tan bermay turolmas edi. Akbar ammasini shunday kitob yozgani uchun astoydil bir quvontirgisi kelib Kashmirga ataylab olib kelgan edi.
— Ammajon, siz Kashmirdan qanchalik zavqlan¬sangiz, men siz yozgan kitobdan shunchalik zavq oldim!
Akbarning bu bahosini eshitganda Gulbadan begimning ko‘zlariga quvonch yoshlari quyulib keldi.
— Ilohim uzoq umr ko‘ring, Akbarjon! Kashmi¬r¬ning bodomzorlari, anorzorlari, tutzorlari, mirzate¬raklari xuddi Farg‘ona vodiysini eslatar emish. Men o‘zim-ku, Farg‘ona vodiysini ko‘rganim yo‘q, lekin Qilichxon Andijoniy Kashmirga kelgandan beri tug‘il¬gan joylarini qo‘msab yuragi ezilib yuribdir.
Hamida bonu og‘ir tin oldi-yu:
— Mening rahmatli otam ham Toshkent-u Sa¬marqandni qayta ko‘rolmay armon bilan o‘tib ketdilar, — dedi.
Bu gaplar ta’sirida Akbarning xayoli tog‘lar osha Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylariga tomon uchdi. Kashmir orqali Qashqarga, undan O‘sh orqali Andijon-u Farg‘onaga olib boradigan tog‘ yo‘llarining xaritasini shu bugun kechasi sinchiklab ko‘rib chiqqani esiga tushdi. Himolay va Pomir tog‘larining oraliqla¬ridan o‘tadigan bu yo‘l Kobul va Termiz orqali boradigan yo‘ldan bir necha barobar yaqin. Dehlida Po‘lat vasvas otgan kamoni shoshiyning o‘qi, bu jarohati¬ning achchiq og‘rig‘i uni Turondagi g‘animlaridan o‘ch olishga undaydi. Ammo ikki orada Akbar uchun Himolay tog‘laridan ham ulkanroq moneliklar bor.
Movarounnahrda hamon Abdullaxon hukmronlik qilmoqda. Abdullaxon uchun eng xatarli raqib — Akbar bo‘lganligi sababli, u o‘zining eng sara qo‘¬shin¬larini Kobul va Kashmir bilan chegaradosh bo‘lgan janubiy o‘lkalarda saqlamoqda. Akbar otasi¬ning Balxda shayboniyzodalardan qanday yengilganini unutolmaydi, ular bilan bellashish uchun avval Hindistondagi ichki parokandalikni tugatib, barcha kuchlarni bir tug‘ ostiga yig‘ishni o‘ylaydi. U mana shu maqsadda Kashmirni ham markaziy davlatga qo‘shib oldi. Abdurahim xoni xonon Sind va Be¬lujistonga qo‘shin tortib ketdi.
Qaniydi, Akbarning o‘z o‘g‘li Salim ham Abdurahim kabi sadoqatli, qobil farzand bo‘lsa-yu, otasining og‘irini yengil qilsa! Salimning tashvishi ozlik qilganday, keyingi o‘g‘li Murod ham ichkilik¬boz¬likka o‘rganib, umrini bazmlarda o‘tkazmoqda. Akbar uni poytaxtdagi ulfat beklaridan uzoqroq tutish uchun janubdagi Malvaga hokim qilib jo‘natdi. Uchinchi o‘g‘li Doniyol hozir Qandahorda. Yoshi o‘n sakkizga kirib, u ham ko‘p ichadigan bo‘lgan. Nahotki uch o‘g‘ildan birortasiga Akbardagi iroda o‘tmagan bo‘lsa? Bu javobsiz savol hatto hozir Kashmir ko‘llarida suzib yurgan eng mas’ud damlarida ham uning diliga soya tashlab turibdi.
Tashqi ko‘rinishdan ammasi Gulbadan begim hozir o‘zini juda quvnoq sezayotganga o‘xshaydi. Lekin uning dilida ham armonlari ko‘p.
— Onam Samarqandda, otam Andijonda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-yu, men hanuzgacha ularning yurtini borib ko‘rolmasam-a? — deydi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:15:08
Nahotki Akbar ham Andijon-u Samarqandlarni ko‘rmay o‘tib ketsa? Uning Hindistonda qilgan nek ishlarini Movarounnahrdan kelgan xayrixoh odamlar ko‘rganda, «qani shu obodonchilig-u islohotlar bizda ham amalga oshirilsa!» deb armon qilishadi. Buxo¬roda hali ham qul bozorlari gavjum ekanini, dashtiy sultonlar musulmon eronliklarni «rofiziy, shia» deb, bo‘ynidan bog‘lab, hatto burnini teshib chilvir o‘tkazib, qul bozoriga haydab kelib sotishlarini kuyinib aytib beradilar. Shayboniyzodalar davlatida juda e’tiborli bo‘lgan Qo‘shquloqbiy, Bulduriqbiy, Cho‘ltanbi, Bo‘zaxo‘r Sulton degan beklar Samar-qand-u Toshkentday qadimiy madaniyat markazlariga xo‘jayin bo‘lib olib, ilm-u ma’rifatni oyoqosti qilayot¬ganlari Akbarga ham og‘ir bir ko‘rgilikday tuyuladi. «Movarounnahrni bu dashtiy johillardan qutqaring!» deb keluvchilarga, «hali fursat yetilgan emas, sabr qilmoq kerak», deb javob beradi.
Lekin sabr qila-qila Akbar ham ellikdan oshdi.  Nahotki Samarqanddagi Amir Temur maqbarasini, Shohizindani, Farg‘ona bog‘larini, Toshketning Bo‘z¬¬su¬vini biror marta borib ko‘rish unga nasib qilmagan bo‘lsa?
Bu savol negadir hozir Kashmirdagi mirzateraklar va chinorzorlarni ko‘rgan paytda yurakni ezuvchi bir mung bilan ko‘ngildan o‘tmoqda edi. Shu topda u Movarounnahrga bemalol borib kelayotgan elchilar va savdo karvonlarini havas bilan eslar edi. Bobur davrida boshlangan aloqalar hanuzgacha uzilgani yo‘q, yigirma yil davomida Abdullaxondan Akbar saroyiga uch marta elchilar kelib ketdi. Akbar ham Buxoroga uch qayta elchilar yubordi, Abdullaxonning sovg‘alariga yarasha qimmatbaho in’omlar jo‘natdi.
Bundan maqsad faqat murosa qilish emas, balki bir-birlarining ahvolidan yaxshiroq xabardor bo‘lish va qulay payt kelganda yonboshga olib, yerga ko‘tarib urish ham edi. Savdo karvonlari bilan Movaroun¬nahrga har yili borib kelayotgan xufiyalar yangi-yangi gaplar topib kelishmoqda. Akbarning Hindis¬tonda diniy to‘ntarish yasagani Buxorodagi jo‘ybar shayxla¬rining sochini tikka qilib yuboribdi. Ular Akbarni shialardan ham battar kofir deb e’lon qilishib, uning nomini tilga oldirmay qo‘yishibdi, Abdullaxonni esa musulmon olamining imoni pok, islomga sodiq tojdori deb ulug‘lashibdi.
Xo‘ja Islom nomli din peshvosi eng mutaasib shayxlarni Buxoroga yig‘ib, ularning nomidan Akbar¬ga qarshi g‘azabli fatvolar chiqarayotgan bo‘lsalar ham, Abdullaxon hanuzgacha Hindiston bilan aloqani uzgan emas. U hamon Akbarga elchilar yuborib, maktublar yozib turibdi. Chunki agar xon Akbar bilan aloqani uzsa, bundan Eron podshosi shoh Abbos foydalanadi. Akbar davlatining qudrati ma’lum, agar uni Eron o‘z tomoniga og‘dirib olsa, Abdullaxon ikkita zo‘r raqib qarshisida yakkalanib qoladi. Abdullaxon Akbar olib borayotgan yangicha siyosatni qanchalik yomon ko‘rmasin, uning elchilarini zo‘r tantana bilan qabul qildi. Akbar Buxorodagi jo‘ybar shayxlarining tahdidli fatvolari ustidan kulgan kabi, o‘zining eng yaqin maslakdoshlarini — Hakim Humom va Sadri Jahonlarni Abdullaxon saroyiga elchi qilib yubordi. Qani xon yangi imon-u e’tiqod vakillariga biron yomonlik qilib ko‘rsin-chi! Yoki jo‘ybar shayxlari ularni «kofir» deb toshbo‘ron qildirsin-chi! Yo‘q, ular Akbarning besh-olti yildan beri butun kuchlarini shimoliy viloyatflarga yig‘ayotganidan xabardor. Hozir yoshi oltmishdan oshib, ancha kasalmand bo‘lib qolgan Abdullaxon Akbarning yengilmas sarkarda deb shuhrat qozongani bejiz emasligini biladi va u bilan urushishga yuragi betlamaydi. Shuning uchun Abdul¬laxon o‘zining mafkuraviy dushmanlari bo‘lgan Akbar elchilariga katta ziyofatlar berdi, safarlarga birga olib chiqdi, zarbof to‘nlar va chopqir otlar in’om qilib, izzat-ikrom bilan jo‘natdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:15:33
Movarounnahrda bir yildan ortiq yurib qaytgan Akbar elchilari Samarqand-u Buxoroda xon zulmidan bezor bo‘lgan odamlar tobora ko‘payib borayotganini, buning ustiga xonning katta o‘g‘li Abdumo‘min ota¬sining taxtini tezroq egallash ishtiyoqida unga qarshi kurash boshlaganini bilib qaytdilar. Abdullaxon Xurosonga Qulbobo ko‘kaldoshni hokim qilib tayinlagani Abdumo‘minni qattiq norozi qilibdi. Chunki u Hirotni o‘ziga poytaxt qilmoqchi va mustaqil davlat tuzmoqchi edi. Shu maqsadda u hatto turk podshosi Sulton Salimga otasidan beso‘roq elchilar yuborgan edi. O‘g‘lining niyati buzuqligini sezgan Abdullaxon Abdumo‘minni Hirotdan ham, Buxorodan ham uzoq¬roq tutgisi kelib, Balxga hokim qilib jo‘natdi. Balx Panjobga yaqinroq edi. Abdumo‘min endi Laxo‘rda turgan Akbarga otasidan bemaslahat elchilar yubordi. Uning saroyidagi hufiyalarning ma’lumoti Akbarga bu elchidan oldinroq yetib keldi: Abdumo‘min o‘z elchisiga sovchilik vazifasini ham yuklabdi, Akbarning qiziga uylanish istagini bildiribdi va shu yo‘l bilan o‘z otasidan baland kelmoqchi bo‘libdi.
Bosar-tusarini bilmay hovliqib yurgan Abdu¬mo‘min o‘zini Akbarga teng ko‘rib elchi yuborgani, yana uyalmay uning qizini xotinlikka so‘ramoqchi bo‘lgani Akbarning qahrini keltirdi. U Haybar dovoni etagiga elchini kutib olish uchun maxsus odamlar yubordi-da:
— Badbaxtni o‘sha yoqda daf qilinglar, Hind daryosidan beriga o‘tmasin! — deb buyurdi.
Abdumo‘minning sovchilik vazifasini ham o‘tash uchun kelayotgan elchisi sersuv Hind daryosidan o‘tayotganda go‘yo toshqin tufayli g‘arq bo‘lib ketdi. Abdumo‘minning Akbarga kuyov bo‘lgisi kelib yozgan maktubi ham, yuborgan sovg‘alari ham suvga cho‘kib nom-nishonsiz yo‘qolganini Buxoroda turib eshitgan Abdullaxon:
— Battar bo‘lsin! — deb suyundi.
Shayboniyzodalarning o‘z ichidan chiqayotgan bu o‘t alanga olsa, Abdullaxon uzoqqa bormasligi aniq. Chunki uning jigar kasali kuchayib, otga minolmaydigan bo‘lib qolganini Akbar eshitgan. Shu ketishda Abdumo‘min otasining o‘limini tezlashtiradi. Lekin Abdumo‘minning o‘ziga qarshi bosh ko‘taradigan kuchlar ham ko‘p. Akbar ana shu kuchlar yordamida uni yengishi mumkin.
Ammasi Gulbadan begimning Samarqand-u Far¬g‘o¬nani qo‘msab aytgan gaplari ta’sirida qo‘zg‘algan murakkab o‘ylarini u shu fikr bilan yakunladi-da:
— Ammajon, mana, Kashmirga keldik, omon bo‘lsak, hademay Samarqand-u Farg‘onalarga ham borib qolgaymiz! — dedi.
— Ilohim murodingizga yeting!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:15:47
Hamida begim bu gaplardan quvonish o‘rniga allanechuk sergaklanib qoldi.
— Shoh o‘g‘lim, Turonga siz faqat qo‘shin tortib, jang qilib bormog‘ingiz mumkin. Shayboniyzoda¬larning behisob ko‘p qo‘shini bor emish. O‘zlari o‘lgunday jangari, qancha odam qirilishini o‘ylasam, vahmim kelur!
— Nachora! Biz ham sayyoh yoki elchi bo‘lsak edik, birorta karvonga qo‘shilib, ota-bobolarimiz vataniga tinchgina borib kelar edik. Lekin shayboniyzodalar boburiylarni Turonga yo‘latmaydilar, hatto bizning to‘g‘rimizdagi rost gapdan ham qo‘rqadilar. Movarounnahrdan Hindga kelib ketgan odamlar ko‘zlari bilan ko‘rgan qurilishlarimiz, tasvirxonalari¬miz, yangicha siyosatimiz haqida Samarqand-u Buxoroga borib haqiqatni so‘zlasalar bas, «Dindan qaytgan Akbarning tarafdori», «xoin», «kofir» de¬yishib, jazoga buyururlar.
— Nahotki shunchalikka borishsa? — hayron bo‘lib so‘radi Hamida begim. — Abdullaxon Buxo¬roda madrasalar, karvonsaroylar qurdirgan emish. Rabotlar ham soldirgani uchun el orasida yangi bir naql paydo bo‘lgan emish. «Abdullaxon bir kecha yotish uchun rabot soldirgan, sen ham besh kunlik dunyoda uy-joy qurib yashab qol», der emishlar.
— Rost, shayboniyzodalar orasida eng iste’dodlisi— Abdullaxondir. Bunday qudratli davlat tuzish har kimning ham ilkidan kelmagay. Lekin dashtiy sultonlarga xos dag‘allik unda ham bor ekan-da. Bundan ancha yil avval samarqandlik Abdurahim Mushfiqiy degan shoir Agraga bizdan panoh istab keldi. Shunda menga kuyinib aytib berdiki, «Bobur¬noma»ni maqtagani uchun Abdullaxon uni «sen bizdan temuriylarni baland qo‘ymoqchisen» deb o‘limga buyuribdir. Mushfiqiy saroy kutubxonasining kitobdori, katta shoir bo‘lgani uchun Abdullaxonning vaziri Qulbobo ko‘kaldosh oraga tushib, shafoat so‘rabdilar. «Mushfiqiy sizni temuriylardan baland qo‘yib she’rlar yozgan», debdir. «Qani o‘sha she’rlar?» debdi xon. Vazir she’rni o‘qib beribdi. «Men qilich yalan-g‘och¬lab, ot choptirib boray, Mushfiqiy uzangimdan ushlab, yonimda o‘sha maqtov she’rlarini aytib chop¬sin. Agar shu shartni bajarolmasa, bo‘yniga qilich urgaymen, boshi ketgay». Bechora shoir ne qilsin? Abdul¬laxon qilich yalang‘ochlab otini yo‘rttiribdir, Mush¬fiqiy uning uzangisidan ushlab, xonni ulug‘laydigan she’rlarni ayta-ayta chopibdir.
— Oh, bechora! — deb qo‘ydi Gulbadan begim.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:16:01
— Mushfiqiyning zehni o‘tkir ekan, adashmasdan, to‘xtamasdan, marraga yetguncha ash’or aytibdir. Shu tarzda tirik qolgandan so‘ng, Abdullaxondan ixlosi qaytib, Buxorodan bosh olib chiqibdi-yu, savdo karvoni bilan Agraga kelibdir.
— Hozir ham Agradami?
— Yo‘q, ikki-uch yil turgach, ketishga ruxsat so‘radi. Keyin bilsam, bizning saroy shoirlari uni xafa qilgan ekanlar. «Har qancha azob cheksam ham, vatanimga qaytay, shoir tug‘ilgan yurtidan ayrilsa yerdan uzilgan daraxtday ijodi so‘nar ekan» dedi. Javob berdik, qaytib ketdi.
Akbar so‘nggi so‘zlarni Mushfiqiyga allanechuk havasi kelib aytdi, chunki o‘sha shoir qaytib borgan Samarqandga u haligacha borolmas edi. Biroq bobokalonlarining maqbarasi turgan bu shaharni shayboniyzodalardan tortib olish, Movarounnahrda Ulug‘-bek va Navoiylar davridagi ma’naviy ko‘tarilishlarni qayta tiklash istaklari yil sayin dilida chuqur ildiz otib borardi. Bu istaklarni Hindistonning shimolida turib amalga oshirish qulayroq bo‘lgani uchun Akbar milodiy 1585-yildan boshlab poytaxtni Fathpurdan Laxo‘rga ko‘chirgan edi. Poytaxtni Laxo‘rga ko‘chi¬rish¬ning yana bir sababi — Fathpur-Sekri daryolardan uzoq, uning yonidagi ko‘l esa aholi ko‘paygan sari sayozlashib, suvi sho‘rroq bo‘lib ketdi. Fathpur-Sekrida aholining soni ikki yuz-u ellik mingga bordi. Buncha odam ko‘l suvini yana o‘ttiz-qirq yilda ichib tamom qilib qo‘yishi ham mumkin. Bir chekkasi shuni ham o‘ylab, Akbar poytaxtni sersuv Laxo‘rga ko‘chirib kelgan edi.

_______________
* Salim Mehriniso bilan otasi o‘lgandan keyingina qayta topishdi. Salimga erga chiqqan bu ayol tarixda Nurjahon nomi bilan mashhur bo‘ldi.
* D a l — kashmirchada «ming bargli nilufar» degan ma’noni bil¬diradi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:16:53
* * *

O‘n besh yildan beri Laxo‘r poytaxtga aylanib, Ravi daryosi bo‘yida Samarqand obidalari kabi rang-barang koshinlar bilan ziynatlangan yangi qasrlar, madrasalar paydo bo‘ldi. Podsho saroyi qayerni poytaxt qilsa o‘sha joyda puldorlar ko‘payishini va savdo qizishini biladigan tujjorlar Laxo‘rda yangi-yangi rastalar va bozorlar ochdilar.
Jahonning turli tomonlaridan yo‘lga chiqqan savdo karvonlari shimoldagi Kobul, g‘arbdagi Qandahor, janubdagi Agra va Dehli orqali Laxo‘rga keladi. Katta yo‘llar orasida eng mashhuri — Agra, Fathpur va Laxo‘rni bir-biriga bog‘laydigan uch yuz mil uzunlikdagi Shohroh. Maxsus buyruq bilan kengaytirilgan va atrofi obod qilingan bu yo‘ldan to‘rt-beshta arava qator yursa ham sig‘adi. Uning sahniga silliq toshlar yotqizilgan, ikki tomoniga bora-borguncha sersoya daraxtlar o‘tkazilgan, har yetti-sakkiz mil joyda to‘xtab dam olinadigan, ovqat yeyiladigan va ot almashtiriladigan yomxona — bekatlar qurilgan. Shun¬cha uzoq masofaga cho‘zilgan bunday katta yo‘l o‘sha davrda jahonning juda kamdan kam joyida uchrashini milodiy 1591-yilda Laxo‘rga kelib ketgan ingliz elchisi lord Edvard Layoton o‘z xotiralarida yozib qoldirgan.
Akbar shimoliy chegaralar tashvishi bilan nechog‘liq band bo‘lmasin, portugal istilochilarining janubdagi harakatlarini sergak kuzatib turardi. So‘nggi yillarda Hind ummonida inglizlar portugallar bilan ayovsiz janglar qilmoqda edilar. Akbar bu ikki raqibning o‘zaro nizolaridan foydalanish uchun ingliz elchisi Edvard Layotonni Laxo‘rda qabul qildi. Muomalaga usta bu lord Angliyani faqat hind savdosi qiziqtirayotganiga Akbarni ishontirdi. U portugallarga qarshi kurashda Akbarga yordam berish sharti bilan Ganga daryosining ummonga chiqadigan Kalkutta nomli joyida «Ost-ind» shirkatining kichik bir shu’basini ochishga ruxsat oldi. 1600-yilda Angliya qirolichasi Yelizaveta bu shirkatni qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus qaror chiqardi. Lekin «Ost-ind» shirkati kelajakda butun Hindistonni mustamlakaga aylantiradigan mash’um kuchga aylanishini u paytda Akbar ham, Yelizavetaning o‘zi ham tasavvur etmagan bo‘lsalar kerak...
Ammo ummonlar ortidan suzib kelayotgan farangi kemalar Hindistonning janubiy qirg‘oqlarida tobora ko‘payib borayotgani Akbarni bezovta qilardi. Foyda ketidan quvgan farangilar ummon bo‘yidagi Bijapur, Golkanda, Ahmadnagor va Xandesh degan mayda-chuyda musulmon davlatlarini bir-biri bilan urushtirib qo‘yib, o‘zlari ummon qirg‘oqlarida yangi-yangi qarorgohlar barpo qilmoqda edilar. Akbar esa bu sultonliklarni farangilarga qarshi birlashtirishga intilar edi. Shu maqsadda o‘zining eng ishongan odamlari bo‘lmish Fayziy va Abulfazllarni janubdagi sultonliklarga bir emas, to‘rt marta elchi qilib yubordi. Axiyri Xandesh sultonligining Alixon degan hukmdori Akbar davlatiga ixtiyoriy ravishda qo‘shildi va uning askarlariga o‘z davlati chegaralarini ochib berdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:17:25
Xandeshning Burxonpur shahriga Akbar o‘zining yigirma sakkiz yoshli o‘g‘li Murodni katta qo‘shin bilan jo‘natdi. Murodga tajribali sarkarda Abdurahim xoni xonon bosh maslahatchi qilib tayinlandi. Akbar ularga farangilarni Malobar qirg‘oqlaridan va Goadan quvishni bosh vazifa qilib qo‘ydi. Uning nazarida, Murodning farangi tilini bilishligi bu vazifaning so‘zsiz ado etilishiga yordam berishi kerak edi.
Murod Burhonpurda turib, farangilardan bir qancha zambaraklar sotib oldi. Ammo bu zambaraklar xiyla eskirgan. Goada iste’moldan chiqqan, ularni farangi to‘pchilarning yordamisiz otib bo‘lmas edi. Shuning uchun Murod farangi to‘pchilardan birini o‘z yoniga taklif qildi. Bu farangi to‘pchi juda xushmuomala ulfat yigit ekan, Murodning ichkilikni yaxshi ko‘rishidan foydalanib, u bilan tongotar bazmlarda mayxo‘rlik qila boshladi. Akbar o‘g‘lini mayxo‘rlikdan ehtiyot qilishni Abdurahimga topshirgan edi. Abdu¬rahim xoni xonon shahzodaning tungi bazmlarini to‘xtatishga, butun e’tiborini Akbar topshirgan vazifaga qaratishga ko‘p urindi. Ammo shahzoda uning gapiga emas, mayxo‘r ulfatlarining gapiga ko‘proq quloq solar edi. Abdurahim bilan shahzodaning orasini o‘shalar buzdi. Shirakayf Murod Abdurahimni: «Sen shiasen, bizga yetti yot begonasen!» deb haqorat ham qildi. Yana Abdurahimning ustidan shikoyat yozib, chopar bilan Laxo‘rdagi otasiga jo‘natdi.
Xuddi o‘sha kezlarda Samarqanddan Akbar uchun juda muhim bo‘lgan yangi xabarlar kelmoqda edi. Abdullaxon Qarshi atroflarida qishlayotgan paytda Abdumo‘min Balxdan otasiga qarshi yashiriqcha qo‘shin tortadi. U Amudaryodan o‘tganda Abdullaxon bundan xabar topadi-yu, Samarqandga shosha-pisha chekinadi. Jigari hilvirab qolgan xonga qishki yo‘llarning azobi yomon ta’sir qiladi. Abdullaxon Samarqandda 1598-yilning hut oyida vafot etadi.
Abdumo‘min to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun darhol otasining taxtini egallaydi va birinchi qilgan ishi — otasi yaxshi ko‘rgan bek-u a’yonlarni ayamay qirish bo‘ldi. Shular orasida Abdullaxon davlatining eng aqlli va tadbirkor vaziri Qulbobo ko‘kaldosh ham «dushoxa» deb ataladigan dahshatli iskanjaga solinib, ming qiynoqlar bilan o‘ldiriladi. Abdumo‘min xon oilasining taxtga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan vakillarini ham birma-bir qilichdan o‘tkazadi. Abdullaxon avlodidan faqat Pirmuhammad ko‘knori allaqaysi takyada kayf bilan yotib qolgan bo‘ladi, uni o‘ldirishga yuborilgan odamlar uyidan topolmaydilar. Keyin Abdumo‘minga qarshi isyon ko‘targan biylar ana shu Pirmuhammad ko‘knorini o‘zlariga xon ko‘tarib, maydonga chiqadilar. Ichki urush boshlanadi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:17:45
Akbarning Movarounnahrdagi tarafdorlari: «Endi sizning Turonga kelishingiz uchun fursat yetildi, Abdumo‘min bilan Pirmuhammad ko‘knori hademay bir-birining boshiga yetgay!» degan mazmundagi maktublar yubordilar.
Aksiga olib, xuddi shu kezlarda Akbarning o‘z dargohida ham bir-biridan og‘ir musibatlar yuz bera boshladi. Uning eng ishongan sarkardalari Bhagvan Das va Todar Mal orqama-ketin kasalga chalinib vafot etishdi. Ulardan so‘ng shoir Fayzi Fayoziy olamdan o‘tdi. Murodning o‘g‘li Rustam to‘qqizga kirganda bo‘g‘ma kasalidan jon berdi. Bu mash’um xabar Burhonpurda Abdurahim bilan til topisholmay, nuqul ichib yurgan Murodga ma’lum bo‘ldi. U issiqni unutish uchun ham may ichar edi. Endi o‘g‘lining dog‘ida yig‘lab tun-u kun mast bo‘lib yurdi va axiyri oqtutqaloq kasaliga uchrab, o‘zi ham vafot etdi.
Burhonpurdan Laxo‘rgacha otda bir yarim oylik yo‘l. To Akbarga xabar yetib kelguncha hind issiqla¬rida Murodning jasadini saqlab turish ham mumkin bo‘lmadi. Uni ota-ona ishtirokisiz Burhonpurga dafn etgan edilar. Buni eshitgan Salima begim:
— Nahotki yolg‘iz o‘g‘limning jasadini ham ko‘rolmasam! — deb dod solib yig‘ladi, yuzlarini tirnab qonatib yubordi: — Yo‘q, meni Murodjonning oldiga yuboringlar! Men uning qabrini quchoqlab vidolashay!
Lekin u yoqlarda hali urush tugamagan, yo‘llar xatarli edi.
— Xatarli bo‘lsa mayli, o‘lsam o‘g‘limning yoniga ko‘minglar!
Yigirma to‘qqiz yoshli Murod Akbarning dilidan ham katta bir parchasini yulib olib ketganday bo‘ldi. Abdurahim Burhonpurdan kelib fojianing tafsilotlarini aytib berdi. Murodning intihosiz mayxo‘rliklarida uning yaqin ulfatiga aylangan farangi to‘pchining ham xizmati borligini Akbar sezdi. Dehlida Akbarga suiqasd qilgan Po‘lat vasvas va uning uyidan topilgan farangi to‘fang xayolida qayta gavdalandi. O‘shanda Pakavira Akbarga qarshi ottirishga ulgurmagan to‘fangni endi farangi to‘pchi chog‘irga aylantirib, uning yordamida Murodni halok qilgan bo‘lishi mumkin emasmi?
Nahotki Akbar — Akbar bo‘lib, ummon ortidan kelgan bir necha ming bosqinchi farangini Hindis¬tondan daf qilolmaydi? Salima begim ham janubga talpinardi. Turonga qo‘shin tortish rejasi keyinga surildi. Akbar shimol yurishi uchun tayyorlangan qo‘shin-larini endi janub tomonga burdi.
Lekin butun najotni undan kutayotgan buxorolik va samarqandlik tarafdorlari Akbarning ketidan yana maktub yo‘llab, Abdumo‘min ham o‘ldirilganini, shayboniyzodalar sulolasi tugash arafasida ekanini xabar qildilar.
Abdumo‘min xuddi otasiga qarshi qilich ko‘targan temuriyzoda Abdullatifga o‘xshab faqat olti oy podsho bo‘ldi. U saraton kunlarida Zominning salqin suvlari bo‘yida dam olgandan keyin, Samarqandga qaytayotgan paytida o‘tadigan yo‘liga dushmanlari chuqur qazib, tepasini bilinmaydigan qilib bekitib qo‘yadilar. Abdumo‘min oti bilan shu chuqurga tushib ketgandan keyin uni Pirmuhammad ko‘knorining tarafdori bo‘lgan biylar tutib olib o‘ldiradilar va jasadini Buxoroga olib borib, xon saroyi oldidagi jazo maydoniga osadilar. Hozir xon bo‘lgan giyohvand Pirmuham¬madni odamlar pisand qilmaydi. Shaybo¬niy¬¬zoda¬larning kuni shu zaif ko‘knoriga qolgani uchun boshqa kattadahan biylar yangi sulolaga asos solish harakatiga tushadilar. Bu biylar orasida Hazar dengizining shimolidagi Ashtarxondan chiqqan Oltin o‘rda qoldig‘i sifatida Ivan Grozniy askarlari bilan jang qilib yengilgan va Buxoroga qochib kelib jon saqlagan Mingqishloqxonning avlodlari ham bor. Ana shu ashtarxoniylardan aka-uka Imomqulixon va Nodir Muhammad Samarqandni ishg‘ol qilib, endi Buxorodagi Pirmuhammad ko‘knoridan taxtni tortib olish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:18:18
Akbarga bu voqealar xabarini yetkazgan samar¬qand¬lik tarafdorlari: «Tezroq kelib bobokaloningiz poytaxtini egallamasangiz, Movarounnahr shayboniyzodalardan ham zolimroq va johilroq ashtarxoniylar tasarrufiga o‘tib ketgay!» deb nido qilgan edilar.
Minglab chaqirim joydan yetib kelgan bu nido Akbarning avvalgi o‘y va istaklarini yana qo‘zg‘atdi. U Agraga borganda Murodning yigirmasiga kelgan shahzoda Salimni buxorolik ustozi mavlono Farid bilan birga o‘zining xonayi xosiga chaqirtirdi. Ularni Abulfazl boshlab kirdi. To‘rtovlari yuzma-yuz o‘lti¬rishdi-yu, Akbar Samarqqanddan kelgan so‘nggi xabarlarni aytib berdi.
— Amirzoda, bir marta sizni shayboniyzodalarga qarshi jangga yubormoqchi bo‘lganimizda bormagan edingiz, — dedi Akbar Salimga mayin ko‘z tashlab. — U paytda chindan ham vaziyat og‘ir edi, yusufzaylar Haybar dovonini bekitib yotgan edilar. Lekin so‘nggi yillarda yaxshi muomala bilan yusufzaylarni tinchitdik. Tinchimagan sarkashlarini Zayniddin ko‘ka Kobuldan kelib tor-mor qildi. Haybar dovoni endi bexatar, yo‘l ochiq. Shayboniyzodalar ham o‘lib, qi¬rilib, bittagina ko‘knorisi qolibdir.
Akbar bir to‘xtab oldi, yoshi o‘ttizga kirgan, yelkalari to‘lishib xushmo‘ylov durkun yigitga aylangan o‘g‘liga mamnun nazar tashlab so‘zida davom etdi:
— Sizdek pahlavon boburiyzoda nahotki ko‘knoriga bas kelolmasangiz? — dedi. — Nahotki Oltin O‘rda xarobalaridan Buxoroga qochib kelgan qayoqdagi ashtarhoniylar bobokalonimiz shahri Samarqandni zabt etsa-yu, biz bu yerda loqayd qarab tursak?
Salim Movarounnahrga otasining ketishidan umidvor edi, o‘zi esa Hindistonda qolishni istardi. Buni ochiq aytishga jur’at etolmay gapni aylantirdi:
— Hazratim, barcha so‘zlaringiz haq. O‘g‘lingiz faqat Dakan yurishini eslatmoqchi. Janubdagi urushni tugatmasdan turib shimolga yurish boshlash... qandoq bo‘larkin?
Akbar Farid Buxoriyning dilida nima borligini bilgisi kelib:
— Mavlono, sizning fikringiz qalay? — dedi. — Asli buxoroliksiz, nahotki ota-bobolaringiz shahriga qaytishni istamasangiz?
Farid Buxoriy ota-bolaning biriga yon bossa ikkinchisidan baloga qolishi mumkinligini sezib tipirchi¬ladi:
— Hazratim, faqir Dehlida, tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa ham... Buxoroni hech bo‘lmasa bir marta ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay... Faqat... Turonga yurish qiish bobida... Mavlono Abulfazl faqirdan ko‘ra donoroq vazirdirlar... Avval shu kishining fikrini eshi¬tib, so‘ng o‘zimning kamtarona mulohazamni aytishga hazratimdan ijozat so‘raymen.
Akbar Farid Buxoriyning quvligini sezib, kinoyali kulimsiradi-da, Abulfazlga so‘z berdi.
— Tarix adolatli hakam ekanini Samarqanddan kelgan xabarlar yana bir bor tasdiq etmoqda, — deb sekin so‘z boshladi Abulfazl. — Shayboniyxon bilan uning vorislari bir asr davomida ne-ne iste’dodli fuzalolarni vatanlaridan judo qildilar. Mirzo Bobur kabi ne-ne siymolar vatanlariga qaytish uchun shayboniyzodalar bilan ko‘p yil olishdilar, ammo ularni yengolmadilar. Lekin alohida odamlar qila olmagan ishni vaqt, tarix o‘zi qildi. Shayboniyzodalar davlati ichdan chiridi, tagi teshilgan, halizamon cho‘kib ketishi muqarrar bo‘lgan kemaning ahvoliga tushdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:18:33
Ammo bu kemada juda ko‘p begunoh odamlar, sohibdil, ma’rifatli fuzalolar bor. Ular bir asr davomida Shay¬boniyxonning Turondagi avlodlari bilan Mirzo Boburning Hindistondagi avlodlari orasidagi ma’naviy musobaqani xolis kuzatib turdilar. Tarix bugun shu musobaqaning g‘olibini adolatli tarzda aniqladi. Hazratim kamolga yetkazgan Hind davlati — dunyodagi eng ulug‘, eng mustahkam davlatlarning birinchi safida bormoqdadir. Hazratimning Turondagi xayri¬xoh¬lari bizdagi ilm-u ma’rifatdan, boshqa imkoniyatlardan bahramand bo‘lishni istaydilar. Johil biylar zulmidan ularni qutqarmoq — sizning olijanob burchingizdir, amirzodam! Hindistonning imkoniyatlari cheksiz. Agar ellik ming qo‘shin hazratim bilan janubga yo‘l olsa, yana shuncha qo‘shin siz bilan Turon yuri¬shiga bormog‘i mumkin.
— Demak, ham shimolga, ham janubga birvarakay qo‘shin tortgaymizmi? — norozi bo‘lib so‘radi Salim Abulfazldan.
Uning gapiga Akbar qat’iy javob berdi:
— Vaziyat shuni talab qilmoqda!
Salim otasiga gap qaytarolmay jim qoldi. Abulfazl muloyimlik bilan so‘zida davom etdi:
— Amirzodam, siz jannatmakon bobokaloningiz Bobur hazratlari kabi xotiralar yozmoqdasiz. Sizda shunga munosib iste’dod bor, qalamingiz o‘tkir. Endi Bobur hazratlari kabi katta jasoratlar ham ko‘rsatmog‘ingiz kerak. Agar siz Samarqand-u Buxoroni jo¬hil¬lar zulmidan qutqarsangiz, u yerda ham ilm-u san’atga keng yo‘l ochilsa, bu nek ishingiz umr kitobingizning eng yorqin bobiga aylanib, qog‘ozga tushgay. Axir «Boburnoma»dek kitob yozmoq uchun shu kitobda qalamga olingan ulug‘ ishlarni qilmoq ham kerak-ku!
Bu gaplardan Salimning rangi oqarib, lablari ko‘kish tusga kirdi. Abulfazl uning eng og‘riydigan joyiga urganini Akbar shundan sezdi. Salim otasidan ruxsat olgach:
— Janobi vaziri a’zam, — deb Abulfazlga olayib qaradi: — Siz bizga va’da qilgan ellik ming qo‘shinning yarmi rajputlar bo‘lg‘ay, shundoqmi?
— Taxminan shundoq.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:18:49
— Turonning butkul aholisi musulmonlar ekani ma’lumingizdir, — deb Salim endi o‘zini sal bosib vazminroq so‘zlay boshladi. — Tarixni bir eslang, jannatmakon bobokalonimiz qizilboshlarni boshlab borganda naqshbandiy shayxlar butun Turonni ularga qarshi qo‘zg‘atgan edilar. Qizilboshlar-ku, musulmonlar edi. Ularni «kelgindi shialar» deb ayovsiz qirib tashlagan turonliklar g‘ayridin sanalgan bizning rajputlarni ayagaymilar? Agar biz ham ellik ming qo‘shin bilan jangga kirib, turonliklar qonini hindistonliklar qilichi bilan to‘ksak, tarix buni kechirgaymikan? Avlodlar bizni bosqinchilikda ayblamasmikin?
Akbarning o‘zini ham xuddi shu xavf ko‘p o‘ylantirar edi. Onasi Hamida begim ham bo‘lajak qirg‘inlar oqibatidan qo‘rqib, Akbarning Movarounnahrga qo‘¬shin tortishiga e’tiroz bildirgan edi. Akbar onasining e’tiroziga qarshi aytgan so‘zlarini hozir o‘g‘li oldida keskin qilib takrorladi:
— Qayoqdagi Ashtarxondan kelgan Mingqishloq¬xonning avlodlari turonliklarning qonini to‘ksa bosqinchilik bo‘lmas ekan-u biz bobokalonimiz poytaxti Samarqand uchun jang qilsak, bosqinchilik bo‘lar ekanmi?
— Hazratim, — deb Salim otasiga mayinroq gapirishga tirishdi, — Mingqishloqxon Ashtarxondan urilib-surilib ketgani rost, ammo uning o‘g‘li Yormat¬xon Abdullaxonning singlisi Zuhra xonimga uylangan ekan. Hozir Buxoro taxtiga da’vo qilayotgan Boqimu-hammad ana o‘sha Zuhra xonim tuqqan Dinmu¬hammadning o‘g‘illari ekan. Biz Hindistonda tug‘ilib o‘sganimiz kabi, ular ham Turonda tug‘ilib o‘sgan ekanlar. Biz o‘zimizni hindistonlik deb bilganimiz kabi, Dinmuhammadning o‘g‘illari ham o‘zlarini tu-ronlik deb hisoblashga haqlidirlar...
Salimning hamma narsadan xabardor ekani va ko‘pni ko‘rgan odamlarday mantiqli gapirishi otasini himoyaga o‘tishga majbur qildi.
— Xo‘sh, amirzodam, Buxoro taxtini ashtarxoniylar olaversin-u biz jim qarab turaveraylikmi? Najotni bizdan kutib, vakillar yuborayotgan, maktublar yozayotgan turonlik xayrixohlarimiz noumid bo‘lib qola¬versinlarmi?
— O‘g‘lingizni ma’zur tuting, hazratim, — deb Salim yotig‘i bilan gapirdi: — Turonlik tarafdorlari¬miz yana bir-ikki yil kutsalar hech gap bo‘lmas. Shayboniyzodalar bilan ashtarxoniylarning olishuvi hali uzoq davom etsa kerak. Turonliklar ikkov tomondan ham bezor bo‘lib yoppasiga qo‘zg‘olon ko‘tarishlari ehtimoldan uzoq emas. Ungacha Dakan yurishi ham g‘alaba bilan yakulangay. Ana o‘shanda bor kuchlarni yig‘sak, o‘zingiz bosh bo‘lib, Turonga borsak, xonlar zulmiga qarshi qo‘zg‘algan el-ulus bizning tarafimizni olsa, Samarqand-u Buxoroga jangsiz kirmog‘imiz ham mumkin. Bu sizning sulhi kull siyosatingizga ham mos tushgay!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:20:12
Akbarning o‘zida ham shunday bir istak yo‘q emas edi. Axir uning butun harakati diniy adovatlarni tinch yo‘l bilan yo‘qotishga qaratilgan paytda, nahotki bobolar yurti Turonda qonli g‘azavot boshlanishi joiz bo‘lsa? Yo‘q, Salim bu jihatdan haq. Lekin Akbar o‘g‘lining oldida o‘zini mag‘lub ko‘rsatgisi kelmadi.
— Nachora, amirzoda! Bunday kayfiyat bilan siz menga Turondan g‘alaba keltira olmagaysiz. Mag‘lubiyatdan esa xudo saqlasin! Turon yurishini keyinga qoldirgaymiz.
Munozarada Salim o‘z so‘zini o‘tkaza olgani Farid Buxoriyni behad suyuntirdi. Akbar uning Salimga iftixor tuyg‘usi bilan zavqlanib qarab qo‘yganini ko‘rdi. Salimga «poytaxtdan yiroq ketmang, otangiz oltmishga borib qoldilar, biron hodisa bo‘lsa darhol toj-u taxtni egallamog‘ingiz kerak» deb maslahat beruvchi jonkuyarlar hozir ancha ko‘paygan. Ziyovul Mulk, shayx Rukniddin, Saidxon Chig‘atoy deganlari ham ana shular qatoriga qo‘shilgan. Shahzodaga hammadan ko‘ra Farid Buxoriy kuchliroq ta’sir o‘tkazishini Abulfazl sezgan va Akbarga kelib aytgan edi. «Siz uzoq Dakanga ketganda shahzoda Salim Farid Buxoriyning gapiga kirib, poytaxtni egallashi ham mumkin», degan edi. Akbar bunday fitnalarning oldini olish uchun Salim bilan Farid Buxoriyni bir-biridan ajratgisi keldi, buyruq ohangida:
— Amirzodam, siz ertaga yana Rajastxonga jo‘nab keting, — dedi. — Tog‘angiz Man Sinx hamon sarkash mevarliklar bilan olishmoqda. Pratap Sinx o‘lgan bo‘lsa ham, uning o‘g‘li Amar Sinx hamon bizni tan olmaydir. Siz o‘sha xonadonga kuyovsiz, ularni tinchitishning yo‘lini toping.
Salimning qovog‘i osilib ketdi. Akbar bunga e’tibor bermay so‘zida davom etdi:
— Hatto mavlono Abulfazl ham endi bellariga qilich taqgaylar. Uch ming navkarga sarkarda bo‘lib Dakanga bormoqdalar.
So‘nggi gap Salimga ham, Farid Buxoriyga ham yoqib tushganini Akbar ularning mamnun ko‘z urushtirib olganlaridan sezdi. Xatarli janglarda Abul¬fazl halok bo‘lib ketsa, ular bundan faqat suyunishlari mumkin edi. Ammo Akbar ulardagi bu ichi qora mamnuniyatni yo‘qqa chiqargisi keldi. Farid Buxoriyga qarab dedi:
— Mavlono, Gujarat yurishida yaxshi jang qilgan edingiz. Endi Dakanda ham jasorat ko‘rsatishingizga imkon bermoqchimiz! Dakanga biz bilan birga borursiz. Safarga tayyorlaning!
Akbar e’tirozga yo‘l bermaydigan buyruq ohangida aytgan farmoyishni Salim ham, Farid Buxoriy ham ta’zim bilan qabul qilishga majbur edilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:20:39
* * *

Salimning dili xufton. Otasi uni ataylab Farid Buxoriydan ajratmoqchi ekani va notinch Rajastxonga jo‘natayotgani shahzodaga berilgan surgun jazosidek tuyuladi. Agar Salim Rajastxon tog‘larida Amar Sinx bilan jang qilib o‘lib ketsa, otasi unga achinmaydigandek ko‘rinadi. Chunki naryoqda kichik o‘g‘il — Doniyol bor. Salimni nuqul do‘zaxday Tar sahrosi tomonga yuborayotgan ota Doniyolga Ganga bo‘yidagi jannatday joy — Ollohobodni berib qo‘ydi. Axir udum bo‘yicha to‘ng‘ich o‘g‘il ko‘proq e’zozlanishi kerak emasmi? Aksincha qilinayotgani har xil mishmishlarga sabab bo‘lmoqda. Odamlar: «Taxt vorisi Salim emas, Doniyol bo‘larmish!» — deb gap tarqatishmoqda. Agar otasi shunchalik adolatsizlikka borsa, Salim o‘zining vorislik huquqini qo‘lda qilich bilan himoya qilishga ham tayyor!
Ota bilan o‘g‘il orasida paydo bo‘lgan adovat jari mana shu tarzda tobora chuqurlashib, kengayib bormoqda. Salimning nazarida, uning otasiga, ayniqsa, Abulfazl yomon ko‘rsatmoqda. Bu odam Akbarning ko‘zi oldida Salimni kamsitib: «Siz Bobur bobongizday kitob yozolmagaysiz, bunga yarasha jasoratlar ko‘rsatganingiz yo‘q», degan ma’noda gapirgani Salimga turib-turib alam qilardi. «Tuzuki Jahongiriy» deb atamoqchi bo‘lgan xotira kitobini u chindan ham davom ettirolmay tashlab qo‘ydi. Ayniqsa, Abul¬fazlning «Iqbolnoma»* deb atalgan uch jildlik ulkan kitobini o‘qigandan so‘ng, o‘zi yozgan xotiralar ko‘ziga juda g‘arib ko‘rindi-yu, qo‘li qalamga bormay qoldi. Farid Buxoriy Salimni Suhrobga o‘xshatib, «otangiz Rustami dostonday zo‘r bo‘lsa ham siz uni, albatta, yenggaysiz!» deb ishontirgandan beri uning o‘zi to‘g‘risidagi fikrlari behad yuksak edi. Abul¬fazlning kitobida esa Akbarning ellik yildan beri ne-ne kurashlarni g‘alaba bilan tugallab kelayotgani yilma-yil, nomma-nom barcha dalillari bilan yozilgan edi. Ammo Salim, o‘ttizdan oshayotgan bo‘lishiga qaramay, birorta katta jangda otasiday jasorat ko‘rsatganmi? Abulfazl o‘z kitobida bu savolga «yo‘q!» deb javob bergan edi. «Akbarnoma» sahifalarida otasining jasoratlari ulug‘vor Himolay tog‘ining qorli tizmalariday yastanib ko‘ringanda, Salimga oid voqealar shu tog‘ etagidagi kichik tepaliklarga o‘xshab turar, «tug‘ildi», «uylandi», «o‘g‘il ko‘rdi», «Ajmirga hokim tayinlandi» degan jo‘n gaplar bilan ta’riflanar edi.
Salimni shunchalik o‘ksitadigan «Iqbolnoma»ni saroy ahli, jumladan, Akbarning o‘zi nuqul maqtaydi. Biri: «Janob Abulfazl «Boburnoma» an’analarini davom ettirmishlar, murakkab takalluflardan voz kechmishlar, tiniq, ravon uslubda asar yozganlari tahsinga sazovor!» — deydi. Yana biri Abulfazll yozgan uch jildlik asarning «Boburnoma» kabi jamiyat-u tabiat to‘g‘risida qomusiy ma’lumotlar berganidan mamnun bo‘ladi. Faqat nabotot, jug‘rofiya, tarix, davlat tartibi, turli kasb-hunarlar ta’rifi, hatto bozordagi narx-navolarga oid turli-tuman qomusiy ma’lumotlar bilan bir jildga sig‘ishi mumkin emas edi. Abulfazl «Boburnoma» an’analarini ijodiy davom ettirib, kashf etgan yangilik shu bo‘ldiki, qomusiy ma’lumotlar «Oyini Akbariy» deb atalgan alohida jildga jamlandi. Yigirma yil davomida Abulfazl Akbarning nomidan turli mamlakatlarga va viloyatlarga yozgan maktublarning eng muhimlari «Mun¬shoat» deb ataladigan uchinchi jildga kiritildi.
Akbar bu uch kitobni Hindistonning shu davrdagi madaniyati xazinasiga qo‘shilgan uch yirik gavhar deb atadi. Abulfazlga mamlakatning eng ulkan olimi — Allomiy degan unvon berildi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:22:27
— Allomiyning ijodiy jasorati tarixda qolmog‘i kerak! — dedi Akbar va eng yaxshi musavvirlarga topshiriq berdi: — Abulfazl Allomiy shoh asarini bitirib, bizga keltirib bergan kuniga maxsus bir surat bag‘ishlansin. Toki bu surat Alisher Navoiy o‘z «Xamsa»sini tugatib, Husayn Boyqaroga keltirib topshirgan paytini eslatadigan darajada mukammal bo‘lsin.
Akbar aytganday qilib, eng nafis va go‘zal bo‘yoqlar bilan chizilgan bu suratni Salim ko‘rganda dilidagi eski rashk battar xuruj qildi. Suratda Abulfazl o‘zi yozgan ikki jild kitobni ikki qo‘lida tutib, odob bilan cho‘kka tushib o‘ltiribdi. Kitobning uchinchi jildi gilam ustida navbat kutib turibdi. Taxt ustidagi Akbarning butun diqqat-e’tibori Abulfazlga qaratilgan. U o‘ng qo‘lining ikki barmog‘ini Abulfazlga ko‘rsatib, nimadir demoqchi bo‘ladi. Salimning fikricha, Ak¬bar¬¬¬ning ikki barmog‘ini ochib ko‘rsatgani — «saroyda Abulfazl ikkovimizdan yaqin do‘st yo‘q» degan ma’noni bildiradi. Otasi Salimdan ham ko‘ra, kambag‘al oiladan chiqqan qayoqdagi Abulfazlni baland qo‘yishini bu surat hammaga ochiq namoyish qilganday bo‘ldi. Salim go‘yo Abulfazldan keyingi uchinchi o‘ringa tushib qoldi. Bu hodisa uning sirdosh jonkuyari shayx Faridga ham og‘ir botdi. Hozir martabasi oshib, Salimning ichki beklari qatoriga o‘tgan Alibek— Albert Pereyro ham shahzoda uchun kuyinadi. Mana endi Akbar o‘sha Abulfazlning gapiga kirib, Salimdan Farid Buxoriyni ham tortib olmoqchi va Dakanga birga olib ketmoqchi.
Shahzoda rashk va alamga to‘lib Agradan Ra¬jastxonga jo‘nab ketish tayyorligini ko‘rayotgan kuni kechasi uning xonayi xosiga Alibek bilan Farid Bu¬xoriy sekin kirib kelishdi. Alibek Pereyroning qo‘lti¬g‘ida ko‘k belboqqa o‘ralgan og‘irgina qo‘lyozma bor. Uchovi xonayi xosda xoli qolganlarida shayx Farid qo‘lyozmani Alibekdan olib, belbog‘ ichidan chiqardi:
— Amirzodam, bu narsani hozircha sizdan boshqa hech kim o‘qimasligi kerak.
— O‘zingiz yozganmisiz?
— Yo‘q, Abduqodir Badavniy degan muarrix yashiriqcha bitgan ekan. Buni sodiq bekingiz Alibek bilar ekan. Siz taxtga chiqqaningizda buni Badavniy sizga taqdim etmoqchi ekan. Ammo bechora murodiga yetolmabdir. Kunduzlari kutubxonada o‘ltirib, «Ra¬mayana» bilan «Mahabxorat»ni tarjma qilar edi.  Kechalari mana shu maxfiy kitobni yozib, tun-u kun tinim bilmay ishlayvergandan so‘ng sho‘rlikning miyasiga qon quyilib olamdan o‘tdi. Alibek uning yozuvlarini darhol ilkiga olibdilar.
— Nechun buni maxfiy yozgan?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:22:42
— Chunki Badavniyning bu asari Abulfazlning «Iqbolnoma»siga qarshi bitilgan, — dedi Alibek.  ma’lumingizkim, Abulfazl hazrat otangizni nuqul ulug‘¬laydir, maqtaydir, xatolarini aytmaydir...
— Badavniy otangizning tutgan siyosatiga qarshi edi! — deb Alibekning so‘zini shayx Farid davom ettirdi: — Badavniy xususan, Abulfazlni, Birbalni, shoir Fayziyni yomon ko‘rar edi. Birbal o‘lganda otangiz qancha ko‘z yoshi qilganlarini ko‘rgansiz. Qarang, Badavniy qo‘rqmasdan yozibdir: «Birbal jahannam¬ning itlar turadigan joyiga ketdi...»
Shoir Fayziy yuragi portlaganday bo‘lib, to‘satdan vafot etgan edi, issiq kunda to dafn qilgunlaricha jasadi biroz qorayib qolgandi.
Badavniy buni ham o‘zicha talqin qilib: «Fayziy islomdan qaytdi, shuning uchun uni payg‘ambari¬mizning arvohlari urib, qoraytirib yuborgan», deb yozib qoldirgan edi.
Farid Buxoriy Badavniy qo‘lyozmasining shunga o‘xshash joylarini topib, Salimga bir-bir o‘qib bergani sari shahzodaning dil yaralariga malham qo‘yilganday yoqa boshladi. Abulfazlning «Akbarnoma»sidan topib bo‘lmaydigan imon-u e’tiqod kurashining tafsilotlari Badavniyning «Muntahabi tavorix»ida erinmay yozib ketilgan edi. Salim uchun eng muhimi, Badavniy ham Farid Buxoriy va Alibek kabi shahzodaga tarafdor ekan. «Muntahabi tavorix»da Akbarning dindan qaytganini ko‘rsatadigan talay isbot-u dalillar keltirilganini o‘qigan Salim: «Musulmon davlatida podsho dindan qaytsa uni taxtdan tushurish savobdir», degan azaliy urf-odatni esladi. Bu odat uni otasiga qarshi kurashishga haqli qilib ko‘rsatdi.
— Dilim sezib turibdir, amirzodam, — dedi shayx Farid ovozini sirdoshlarcha pasaytirib. — Yaqin yillarda davlat tizginlari sizning ilkingizga o‘tgay. Otangiz¬ning suyangan tog‘i Abulfazlning zo‘r dushmani bor. Roja Bir Sinx degan. Mol-mulkini Abulfazl musodara qilgan. Abulfazldan qasd olishni ko‘ngliga tukkan Bir Sinxni Albert Pereyro Salimning huzuriga boshlab keldi.
— Shahzoda, siz otangizga o‘xshamaysiz, — dedi Bir Sinx. — Tomiringizda bizning rajput qonimiz ham bor. Abulfazl sizga ham ko‘p alam o‘tkazganini janob Alibek aytib berdilar. Agar kelgusida mening ota mulkim bo‘lgan Bundxelani o‘zimga qaytarib bersangiz, men Abulfazlni daf qilishim mumkin.
Salim xiyol o‘ylanib turdi-da:
— Qanday daf qilmoqchisiz? — deb so‘radi.
—Abulfazl Dakandan Agraga qaytayotgan emish,— dedi Alibek gapga aralashib. — Yo‘lda, o‘rmon ichida bir Sinx uni saranjom qilishi mumkin. Shahzoda, bir vaqtlari siz Abulfazlga qasos qaytishi muqarrarligini aytgan edingiz. Endi shu bashoratingiz ro‘yobga chiqsin!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:23:01
— Bir og‘iz «ha» desangiz bas! — dedi Bir Sinx.
Salim shuncha yildan beri Abulfazlga qarshi dilida to‘planib kelayotgan alamli keklar va noroziliklarni bir joyga yig‘di-da:
— Ha! — dedi. Alibek bilan Bir Sinxga shu yetarli edi.
Abulfazl yigirmatacha odami bilan kelayotgan paytda Seronj degan joy yaqinidagi o‘rmonzorda Bir Sinx uni ikki yuz rajput yigiti bilan o‘rab oldi... Abulfazlning mulozimlaridan Asadbek degani Agraga tirik qaytib, voqeani aytib berdi... Abulfazl ikki yil davom etgan Dakan yurishi davrida oilasini va ijod¬xonasini behad sog‘ingan, tezroq uyiga qaytish va chala qolgan asarlarini yozib tugatish ishtiyoqi bilan shoshilib kelmoqda edi. Bir Sinx unga o‘n barobar ko‘p navkar bilan hamla qilganda Abulfazl qilich yalang‘ochlab, otdan yiqilguncha jang qildi. Jon bergandan so‘ng qarasalar, tanasi o‘n ikki joyidan yaralangan ekan. Bir Sinx uning boshini kesib, qonli sallasiga o‘radi-yu, Ollohobod qal’asida otasiga qarshi qo‘shin to‘playotgan Salimga ko‘rsatgani olib ketdi.

________________
* «Iqbolnoma» keyinchalik «Akbarnoma» degan nom bilan mashxur bo‘ldi. Dastlab «Oyini Akbariy» ham shu kitobga ilova tarzida yozilgan.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:23:27
* * *

O‘ttiz ikki yil burun Akbar bilan birga Fathpur-Sekriga, undan Laxo‘rga ko‘chgan poytaxt milodiy 1601-yilning yozida yana Agraga qaytdi. Janubda harbiy harakatlar tugamagan, yangi qo‘shib olingan Berar, Hamdesh, ahmadnigor viloyatlarini markazdan turib boshqarish uchun Agra qulayroq edi. Bundan tashqari, Ollohoboddagi Salimning isyonini daf qilish uchun ham sharqiy viloyatlar bilan suv yo‘li orqali bog‘langan Agra ma’qulroq edi.
Dakandan g‘alaba bilan qaytgan Akbarni agraliklar karnay-surnaylar, rang-barang gulshodalar bilan kutib oldilar. Ilgari poytaxt ko‘chib ketganda huvillab qolgan qal’a atroflari, Hasht Bihisht, Zarafshon va Gulafshon bog‘lari endi qaytadan bezanib, orasta tus oldi. Shaharda birdan odam ko‘payib, ko‘cha va xiyo¬bonlar, rasta va bozorlar serharakat bo‘lib ketdi.
Poytaxt qaytib kelganidan agraliklar xursand. Bi¬roq Akbarning o‘zi kiyimlari ostida yashirin yaralarni ko‘tarib yurgan odamday xazin va iztirobli. Yoshi oltmishga kirib, qaddi go‘yo birdan bukila boshlaganday engashibroq yuradi.
Noqobil farzandlar ota qaddini qanday bukishi mumkinligini, yuzma-yuz olishuvlarda yengilgan g‘animlar o‘g‘illarining tantiqligidan foydalanib, qanchalik qaqshatqich zarbalar berishini Akbar endi bilmoqda.
Murodning intihosiz mayxo‘rliklardan oqtutqaloq bo‘lib yigit yoshida o‘lib ketgani musibat ustiga qo‘shilgan bir malomat bo‘ldi. Nima qilsa ham jigarbandi, Akbar Murodning xokini uzoq Burxonpurdan Agraga olib kelib, Iskandar degan joyga qaytadan dafn ettirdi va qabrini quchoqlab vidolashdi.
Uning endi qolgan o‘g‘illardan umidi yo‘q. Doniyol ham har kuni ichmasa turolmaydigan bo‘lib qolgan. Otasining davlati soyasida erka o‘sgan bolalar mo‘rt bo‘lishini Akbar Murodning bevaqt o‘limida ko‘rdi. Dakanda qolgan Abdurahim kuyovi Doniyolga qachongacha ko‘zquloq bo‘ladi? O‘z o‘g‘illaridan yuz chandon sodiqroq, irodaliroq bo‘lib chiqqan Abdu¬rahim Akbarga boshqa tashvishlarni bartaraf etish uchun ham kerak. Uni Doniyolning oldidan chaqirib olsa, kichik o‘g‘ilning ahvoli nima bo‘larkin? Salim-ku, otasiga qarshi ochiqchasiga isyon ko‘tardi.
Akbarning o‘zi ham qariganda hali shimolga, hali janubga qo‘shin tortib, fotihlikka buncha berilmasa, o‘g‘illarining tarbiyasiga ko‘proq vaqt ajratsa bo‘lmasmidi? Agar Murod Dakanga yuborilmaganda, ota-onasiga yaqinroq bir joyda yashaganda balki uni qutqarib olish mumkin bo‘lardi? Akbar bu achchiq haqiqatdan saboq chiqarishi va qolgan umrini tinch o‘tkazishi kerak emasmi? Uning abadiy uyquga ketadigan payti ham uncha uzoq emas... Akbar shu o‘y ta’sirida Iskandar degan joydagi keng, tekis yer maydonining atrofiga devor oldirdi va uzoq yashaydigan daraxtlar ektirdi. So‘ng xotini Jodha Bayga bu joyni maxsus ko‘rsatdi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:24:03
— Maryami Zamon, bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz. Umrim bitsa abadiy makonim mana shu yer bo‘lsin...
O‘g‘li Salim otasiga qarshi isyon ko‘targanidan Jodha Bay juda ezilib yurgan edi. Uyga qaytganlarida birdan ko‘ziga yosh oldi.
— Siz Salim tufayli bunday g‘amgin gaplarni aytmoqdamisiz, hazratim? Ammo Salimni men tuqqanman! O‘g‘il tufayli bu dunyodan kechmoq kerak bo‘lsa, avval men kechay! Menga ruxsat bering, Ollohobodga o‘zim boray! Agar Salim sizga qarshi qilich ko‘tarsa, o‘sha qilichga men avval o‘zimni tutay! Mayli, meni o‘ldirsin-u keyin bilganini qilsin!
Yig‘lab aytilgan bu so‘zlar Akbarni larzaga keltirdi. U Jodha Bayni bag‘riga bosdi-da, o‘rtanib dil yordi:
— Maryami Zamon, mening gunohlarim siznikidan ko‘proq! Shohlik udumlari qurib ketsinki, men-u sizni oilaviy baxtdan mahrum qildi. Shu udumga bo‘ysunib o‘g‘ilni to‘rt yoshidayoq sizdan ayirdim, Farid Buxoriy kabi murabbiylarga ishonib berdim! O‘g‘il tarbiyasiga ko‘proq qunt qilmaganimdan endi ming pushaymonmen! Bolaga qanchalik mehr-u e’tibor bersang, u o‘shanchalik seniki bo‘lur ekan. Biz berolmagan mehr-u e’tiborni boshqalar bersa, bola ham o‘shalarniki bo‘lib ketar ekan! Men bu achchiq haqiqatni endi bilmoqdamen. Qaysi bir gunohimni aytayki, Salim hammasini ko‘paytirib, shishirib, o‘zimga qarshi zarbaga aylantirmoqda! «Ekkaningni o‘rasen!» deganlari rost ekan! Shaxsiy hayotda qanday gunohlar ekkan bo‘lsam, endi o‘g‘lim orqali shular¬ning yomon oqibatlarini o‘rmoqdamen. Maryami Zamon! Menga qo‘shilib siz ham qilmagan gunoh¬laringizning azobini tortmoqdasiz! Bu ne ko‘rgilik-ki, ruhim gunohlarga to‘lgan tanamdan bezor bo‘ldi! Shuning uchun bu besh kunlik dunyodan tezroq ketgim kelmoqda!
Rani Jodha Bay Akbarning bag‘rida yum-yum yig‘lar:
— Suyangan tog‘imizsiz, bizga rahm qiling! — derdi. — Hali ham menga ijozat bering. Borib Salimni boshlab kelay!..
— Salimga roja Ram Dasni elchi qilib yubordim. Javobini bilaylik... Keyin!..
Akbar Dakandan qaytishi kerak bo‘lgan Abulfazlni ham kutmoqda edi. Ora uzoq, otda qirq kunlik yo‘l, Abulfazlning hayallashini Akbar shundan deb bilar, uning o‘ldirilganini xayoliga ham keltirmas edi.
Lekin zilday og‘ir hislar vujudini bosib yotar, ruhi tushkun, bo‘lajak maqbara rejasi xayolidan nari ketmasdi.
Uyqusiz tunda o‘zi qo‘yiladigan maqbaraning xomaki rejasini chizdi-yu, ertasi kuni bosh me’morni maslahatga chaqirdi.
— Mavlono, o‘lim haq. Es borida etakni yopmoq¬chimen. Zamonlar o‘zgardi. Bu obida ota-bobolari¬mizga qo‘yilgan maqbaralardan boshqacharoq bo‘l¬mog‘i kerak.
Nozikta’b me’mor tirik odam bilan uning bo‘lajak qabri haqida gaplashishdan avval juda tortindi. Lekin Akbar o‘z maqbarasining baland peshtoqlari Samar¬qand obidalari kabi rang-barang bo‘lishi kerakligini, faqat koshinlar o‘rniga rangli toshlar tarashlanib, qanday gulchin qilinishini aytgani sari, me’morni uning g‘oyasidagi yangilik o‘ziga tortdi-yu, o‘ng‘aysizligi tarqab ketdi.
Dehlidagi Humoyun maqbarasining minoralari yo‘q edi. Akbar o‘z maqbarasining to‘rt tomoniga oq marmardan to‘rtta baland minora yasashni buyurdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:24:19
Humoyun maqbarasi qurilganda Akbarga hayot hozirgidan bexatarroq tuyular edi. Shuning uchun Dehli¬dagi obidaning atrofi ochiq, unga birvarakay o‘nlab odamlar kirib chiqishi mumkin. Ammo yangi maslak e’lon qilingandan beri Akbarning g‘oyaviy dushmanlari ko‘payib ketdi, hatto to‘ng‘ich o‘g‘li o‘shalar tomonga o‘tdi. O‘zi tirikligida shunchalik xuruj qilayot¬gan g‘animlar Akbar olamdan ko‘z yumsa, qabrini buzishdan ham toymaydi. Maqbarani himoya qilish oson bo‘lsin uchun sag‘anaga kiriladigan uzun marmar yo‘lakni faqat ikki kishi o‘ta oladigan torlikda rejalashtirdi. U beshinchi qavatga qo‘yiladigan qabr toshi yoniga bisotida bor kamyob La’l va gavharlarni sangfarsh qilib o‘rnatish niyatida edi. Bu nodir javohirlarni qo‘riqlash* oson bo‘lishi uchun yuqorigi oshiyonga chiqadigan tosh zinalar tarhini ham faqat bitta odam sig‘adigan darajada tor qilib chizdirdi.
Akbar o‘ziga maqbara qurdirmoqchi ekanini eshitgan Hamida bonu o‘g‘lining xilvatxonasiga kirdi-yu, uning sag‘ana tarhini chizib o‘ltirganini ko‘rib dahshatga keldi:
— Sizga ne bo‘ldi, shoh o‘g‘lim? Hali men, ona¬ngiz, tirik yuribmen. Tangrimga shukur, yetmish to‘q¬qizga kirdim. Siz avval mening yoshimga boring... Maryami Zamonga vasiyatnoma so‘zlar aytibsiz, eshitganidan beri yig‘laydir!.. Mening ham dilimda g‘ulg‘ula!..
— Bu o‘tkinchi dunyoga hech kim ustun bo‘lolmas ekan, onajon. Vaziyatni ko‘rib turibsiz. Tarh chizishga boshqa bo‘sh vaqtim bo‘lgaymi, yo‘qmi, bilmaymen!
Bu maqbara Akbarning so‘nggi me’morlik asari bo‘lishini uning dili sezib turardi.
— Niyatni yaxshi qiling, bolam. Axir sakson, to‘qsonga borganlar yo‘qmi? Nevarangiz Xisrav o‘n beshga kirdi. Endigi yil uylantirgaymiz. Aziz ko‘ka¬ning kichik qiziga mehri bor ekan. Unashtirib qo‘yaylik. Xurramjon ham o‘n birga kirdi. To‘ylar qiling, siz ham menga o‘xshab evara, chevara ko‘ring!
Badanidan eti qochib, mushtdekkina bo‘lib qolgan Hamida begimning ruhi hali ham tetik, hassaga suyanmasdan gavdasini tik tutib yuribdi. Onasi neva¬ralardan, to‘ydan gapirib, axiri, Akbarning xayolini og‘ir o‘ylardan chetga tortdi.
Birga tug‘ilib o‘sgan sodiq tengdoshi Aziz ko‘ka bilan quda bo‘lish Akbarga ham yoqimli tuyuldi. Dakan yurishida ikki yil bobosining yonida bo‘lib, unga juda yoqib qolgan Xisrav va Xurram otasidan ko‘ra Akbarga ko‘proq yon bosar edilar. Xisravni Aziz ko‘kaning to‘rtinchi xotinidan tug‘ilgan kichik qiziga unashtirgan kunlari ziyofat paytida Qilichxon Andi¬joniy:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:24:34
— Janobi xoni a’zam, — deb Aziz ko‘kaga tegishdi, — hazratim nevara uylantirmoqchilar. Siz, tengdoshlari bo‘laturib, hali ham qiz chiqarib yuribsiz?
— Sal kechikkanmiz-da, janobi Qilichxon. Bo‘l¬masa bizda ham olti o‘g‘il, olti qiz, ellikdan ortiq nevara bor. Hind ayoli juda bolajon bo‘lishini qirqdan oshganda bilib qoldik. Kenja qizimiz hind xotinimizdan tug‘ilgan.
— Birinchi ayolingiz eronlik edi-ku.
— Ha, eronlik xotinning tili juda shirin, suhbatlashib rohat qilurmen. Movarounnahrlik xotinim ham¬maning boshini qovushtirib, hukmron beka bo‘lib turadir. Undan o‘zim ham hayiqurmen!
Bu gapga Akbar ham kulib yubordi. Yor-do‘stlar davrasidagi hazil-mutoyibadan, nevaralari Xisrav va Xurramning beg‘ubor, ma’sum mehridan Akbar endi sal yayrab, avvalgi g‘amlarni xayolidan uzoqlashtira boshlagan kunlarda yana bir musibatli xabar Asadbek qiyofasiga kirib eshilk taqillatib keldi. Abulfazlning o‘limini Akbarga qanday aytishni bilmay qoldilar. Shunda saroyning Hoji Jahon degan eng nuroniy mo‘ysafidi yelkasiga ko‘k fo‘ta tashlab, uning huzuriga g‘amgin yuz bilan kirdi.
— Sizga quvvat bersin, hazratim! — deb boshlagan so‘zidan va ko‘k fo‘tadan yana biron baxtsizlik bo‘lganligini Akbar sezdi. Yuragi «shig‘» etib:
— Ne bo‘ldi, mavlono?.. — deb so‘radi.
— Janobi Abulfazl... Xudo rahmati...
— Abulfazl?! Qachon? Kim aytdi?!
Asadbekni Akbar huzuriga chaqirdilar. Abulfazl¬ning o‘lgan joyida faqat tanasi qolganini, boshini kesib Ollohobodga olib ketganlarini eshitganda Akbarning badanidan «lop!» etib olov chiqib ketganday bo‘ldi:
— O‘, nomardlar! — deb qichqirib yubordi. — Salimga taxt kerak bo‘lsa, meni o‘ldirsin edi! Abulfazlda ne ayb?! O‘, nomardlar!..
O‘ttiz yil davomida hayotning barcha achchiq-chuchuklarini birga tatigan do‘sti, hamma alg‘ov-dalg‘ovlarni birga boshdan kechirgan safdoshi endi yo‘q! Akbar suyangan ustuni qulagan uyday larzaga tushib o‘kirib yig‘ladi:
— Tilab olgan o‘g‘lim!.. O‘zimdan chiqqan balo!.. Bunga qaydan davo izlayin!..
Asafxon boshliq uch ming saralangan navkarlar Seronj tomonlarga borib, o‘rmonni tit-pit qilib, Bir Sinxni izlashdi, ammo topisholmadi. Uni Salim Olloh¬¬obod tomonlarda yashirib yuribdi! degan maxfiy axborot keldi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:24:47
— O‘g‘il bilan jang qilish taqdirimda bor ekan! — dedi Akbar sarkardalarni mashvaratga yig‘ib. — Ikki yuzta harbiy kema tayyor qilinsin. Ollohobodga ham suv yo‘lidan, ham quruqlikdan hamla qilurmiz. Ming¬ta fil, o‘ttiz ming otliq askar ikki oy ichida taxt bo‘lsin!
Salimning harbiy kuchlari bundan ham ortiq edi. Akbarga qarshi ko‘p marta isyon ko‘targan Jaunpur, Bixar va boshqa sharqiy viloyatlar hozir Salimni podsho deb tan olgan, oliq-soliqdan tushadigan oltin-kumushlarni uning Ollohoboddagi xazinasiga keltirib to‘kishar, yuzlab fillar, ot-ulovlar va boshqa sovg‘ala¬rini ham Salimga peshkash qilishar edi. Shahzoda hozir boyib ketgan, askarlarining soni ham qirq mingdan oshgan, shuning uchun otasidan tap tortmas edi.
Ota-bola bunday katta kuchlarni maydonga chiqarib urush qilsa oqibati qanchalik yomon bo‘lishi onalarni dahshatga keltirdi. Hamida bonu betob bo‘lib yotib qoldi. Akbar onasini ko‘rgani borsa, Salima begim bilan Maryami Zamon—Jodha Bay qaynonala-rining to‘shagi yonida o‘ltirgan ekanlar.
— Onajon, sizga ne bo‘ldi?
— Uyqu yo‘q. Oyoq-qo‘ldan darmon ketdi. Turolmay qoldim.
— Hakim Misri darmonga kiritadigan davolar qilsin. Yaxshi bo‘lib ketgaysiz.
— Shoh o‘g‘lim, menga Hakim Misri emas, faqat siz shifo bermog‘ingiz mumkin.
— Men? Ayting, qani...
— Shuncha yil umr ko‘rganim avvalo xudodan bo‘lsa, soniyan sizning yaxshi farzand chiqqaningizdandir. Lekin endi Ollohobodga qo‘shin tortmoqchi emishsiz. Shuni eshitgandan beri dilim bezovta, vujudim vayron. Axir o‘ylang: ota-bola urushida g‘olib bo‘lgaymi? Qaysi tomon yengilsa ham bizga baxtsizlik keltirmagaymi? Samarqanddagi Ulug‘bekning o‘z o‘g‘li Abdullatif bilan urushgani ne oqibatga olib kelganini bir eslang!
— Axir bu nobakor o‘g‘il muomalaga ko‘nmasa ne qilay, onajon? Yaxshilikcha huzurimga qaytsin, aybi bo‘lmasa isbot qilsin, deb roja Ram Dasni Olloh¬o¬b¬od¬ga elchi qilib yubordim. Rad javobi olib keldi. Qirq yil jon chekib yagona davlat tuzdim, nevarangiz uni ikkiga bo‘lib parchalamoqda!.. Begunoh Allomiyni qasddan o‘ldirtirsa, qotilni yashirib yursa!.. Yo‘q, men unga jazo bermaguncha tinchiyolmaymen!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:25:01
Maryami Zamon Akbar qarshisida cho‘kka tushib, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Hazratim, yomon odamlar oralaringizga nifoq solmishdir! Salim Abulfazlni o‘ldirtirganiga men ishonmaymen! Salim bunday qilishi aqlimga sig‘¬maydir! Mana, Salima begim ham aytsinlar!
Murodning o‘limidan so‘ng sochlari oppoq oqarib, nuroniy kampirga aylanib qolgan Salima begim Akbarga yuzlandi:
— Men yolg‘iz o‘g‘limdan judo bo‘ldim. Boshimga og‘ir kun tushganda Maryami Zamon tug‘ushgan singlimday yonimda turdi. Shahzoda Salim ham «men sizga o‘g‘il emasmenmi?» — deb necha marta dilimga taskin berdi. Rahmatli katta momomiz Mohim begim o‘gaylik balosidan mudom baland turar ekanlar. Hindol mirzoni o‘z o‘g‘illariday tarbiya qilgan ekanlar. Hazrat onangiz ham bizni o‘sha ulug‘ momodan ibrat olib, inoq bo‘lishga o‘rgatdilar. Men ham shahzoda Salimga mehr qo‘yganmen, she’r o‘rgatganmen, uni o‘z o‘g‘limdan ziyod parvarish qilganmen!
— Bu rost! — dedi Maryami Zamon. — Shayx Bobo* ham begimni mendan ziyod hurmat qilur.
— Shuning uchun, — deb Salima begim Akbarga qarab davom etdi, — agar vakolat bersangiz, men Ollohobodga elchilikka boray. Aminmenki, Abulfazl¬ning o‘limida shahzoda Salimning ishtiroki yo‘q. Ota-bolani urushtirishdan manfaatdor bo‘lgan qora kuchlarning tuhmati bu!
Akbarning o‘zi ham buning tuhmat bo‘lishini juda istardi, o‘shanda uning bir alami ikki bo‘lmasdi.
O‘g‘li o‘ylanib qolganini ko‘rgan Hamida begim Salimaga yon bosa boshladi:
— Bir vaqtlar rahmatli Xonzoda begim Agradan Laxo‘rga elchi bo‘lib borib, og‘a-ini urushini bartaraf qilgan edi. Salima ham hozir o‘sha dono kayvonining yoshida. O‘zi ham yil sayin Xonzoda begimga o‘xshab bormoqda. Kechirimli bo‘ling, shoh o‘g‘lim. Bobur bobongiz — «ulug‘lar ko‘tarimlik bo‘lg‘ay» deb bejiz aytmaganlar!
Ollohobod Jamna bilan Ganga quyiladigan joyda, Agradan otda salkam bir oylik yo‘l. Salima begim shahzodani o‘gay ko‘rmay, shunday uzoq safarni va mushkul elchilikni zimmasiga olmoqchi ekani Akbar¬ga katta bir fidoyilik bo‘lib ko‘rindi. Onasining be¬mor-ligi-yu Maryami Zamonning dardlariga ham davo shu ekanini Akbar sezdi. U Salima begimga uch yuz kishilik qo‘riqchi askar va boshqa hamma kerakli narsalarni berib Ollohobodga jo‘natdi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:25:55
Oradan uch oylar o‘tdi, savr oyi kirib, hind issiqlari avjiga chiqa boshlagan kunlarda Ollohob¬od¬dan xushxabar keldi. Katta amir-u sarkardalar borib ko‘n¬dirolmagan shahzodani Salima begim Agraga otasi bilan yarashishga ko‘ndirib, olib kelmoqda edi. Kelini dahshatli urush xavfini bartaraf qilganidan suyungan Hamida begimning bemorligi ham esidan chiqib ketdi. U kelini va nadimalarini yoniga olib, Agradan mahofada peshvoz chiqdi-da, Salima begim¬ni shahardan o‘n mil narida kutib oldi.
Shahzoda Salim otasiga atab sakkiz yuzta fil, bir karvon tuyaga yuk bo‘ladigan oltin va turli sovg‘alar olib keldi. O‘g‘lining bosh egib ta’zim qilganidan va katta sovg‘alar keltirganidan ko‘ngli iyigan Akbar uni bag‘riga bosib ko‘rishdi. La’l va gavhar qadalgan qimmatbaho sallalaridan birini Salimning boshiga kiydirdi. Yarashishning oxiri to‘yga ulanib ketdi — Salimning to‘ng‘ich o‘g‘li Xisravni Aziz ko‘kaning qiziga uylantirdilar.
Ota-bola urushining oldini olgan onalar va boshqa xayrixohlar, Abulfazlning o‘limida faqat Bir Sinx aybdor, deb Akbarni ishontirgan bo‘lsalar ham, lekin dilining bir chetida toshday tugun hamon yechilmay turar edi. Akbar tasvirxonaga Salim bilan birga kirgan kuni unga Abulfazlning suratini ko‘rsatdi. Ikki qo‘lida ikkita kitobni ushlab turgan Abulfazlning ko‘zlari to‘la nur, lablari qatida neklik, u hamon tirikdek va hozir gapirib yuboradigandek ko‘rindi.
Shu paytda uning qonli sallasiga o‘ralgan kesik kallasi, qilich tekkan peshonasi Salimning ko‘ziga qayta ko‘rinib ketdi. Suratdagi Abulfazl qog‘oz yuzidan turib kelib, shahzodaning yoqasidan oladigandek va uni Akbarga tutib beradigandek tuyuldi. Salimning rangi yerday o‘ngib:
— Yo‘q, yo‘q, Bir Sinx o‘zi qilgan bu ishni! — deb yubordi.
— Undoq bo‘lsa... nechun Bir  Sinxni Ollohobodda yashirib yurgan emishsiz?
— Bir Sinx Mevarga qochib ketmishdir! Ko‘rgan odamlar aytdi: tog‘larda sizga qarshi isyon ko‘targan Amar Sinx uni o‘z panohiga olmishdir.
— Lekin sizning Bir Sinx bilan til biriktirganingiz haqidagi ovozalar hali ham bosilgani yo‘q. Agar bu chindan tuhmat bo‘lsa, fosh qilmog‘ingiz kerak. Necha ming qo‘shin kerak bo‘lsa beray, Mevardagi isyonchilarga qo‘shilgan Bir Sinxni tutib keling.
Otasi Abulfazlni unutolmasligini, uning ruhi va xotirasi hamisha oralariga ixtilof solishini Salim juda og‘rinib his qildi. Otasi uchun Salim Ollohoboddan kelib uzr so‘ragani yetarli emas ekanmi? Endi yana Mevar tog‘lariga qo‘shin tortib borib, Abulfazlning qotilini tutib kelishi qolganmidi? Lekin u dilidan o‘tgan bu norozilikni otasidan yashirdi. Til uchida:
— Farmoningiz bosh ustiga! — deb ta’zim qildi: — Faqat ijozat bersangiz, avval bir Ollohobodga borsam. Asosiy kuchlarim o‘sha yoqda qolgan. Hammasini yig‘ib kelsam-u keyin Mevarga qo‘shin tortsam...
Akbar bunga ijozat berdi. Salim Ollohobodga borib olgandan keyin Mevar yurishidan bosh tortdi. Hozir uning o‘z saroyi va katta qo‘shini bor edi. Kimki Akbar bilan chiqisholmasa Ollohobodga borib  Salimdan panoh topardi. Oradan ko‘p o‘tmay Salimning tarafdorlari Ollohoboddagi masjidi jomeda xutbadan Akbarning nomini olib tashladilar.
Shayx Rukniddin Salimning nomini xutbaga qo‘shib o‘qigani og‘izdan og‘izga o‘tib, Akbarning qulog‘iga ham yetib keldi.

______________
* Keyinchalik Akbar qabri yonidagi bu nodir javohirlarni ingliz mustamlakachilari pichoq bilan ko‘chirib olib ketadilar.
* Sh a y x  B o b o — shahzoda Salimning uyda aytiladigan nomi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:26:28
* * *

Ota va o‘g‘il nizosi kun sayin ulkanlashib, go‘yo baland bir tog‘ga aylanib ketdi.
Akbarning jizyani bekor qilgani, turli e’tiqodlarni barobarlashtirgani, qirq yil davomida joriy etgan boshqa islohotlari juda ko‘p dindor-u amaldorlarni avvalgi imtiyozlaridan mahrum etgan edi. Ularning nazarida, Akbarning yangicha siyosati tog‘ning kungay tomoni kabi jazirama, nam turmaydigan, o‘rmon o‘smaydigan suvsiz chag‘at bo‘lib ko‘rinardi. Mulla-imomlarning eski imtiyozlarini tiklayotgan Salim esa go‘yo tog‘ning yomg‘ir ko‘p yog‘adigan ko‘kalamzor, sersuv terskay tomoni bo‘lib tuyulardi. Shuning uchun ular Salim tomonga yopirilib o‘tib borar edilar. Tarafdorlari kun sayin ko‘payib ketayotganidan dadillangan salim o‘z nomiga oltin tangalar zarb ettirishga tushdi. Bu tangalardan dini ilohiyning timsoli bo‘lgan «Allohu Akbar» iborasini oldirib tashladi. Uning o‘rniga Akbardan oldingi davrda oltin tangalarga zarb etiladigan kalimai shahodatni qayta yozdirdi. Sav¬dogarlar bilan birga butun mamlakatga tarqayotgan bu tangalar eski musulmonobodni qo‘msab yurgan Akbarning g‘animlarini jonlantirib yubordi. Agar qo‘yib berilsa, Ollohoboddagi junbish Panjob-u Gu¬jaratga, Kobul-u Singda ham tarqashi muqarrar edi.
Akbar bu falokatning oldini olish uchun bultur to‘xtatilgan Ollohobod yurishini qayta boshlashga majbur bo‘ldi. Bangoladan qaytgan Man Sinx va Dakandan chaqirilgan Abdurahim xoni xonon qirq ming otliq askar, besh ming filni quruqlikdan sharqqa tomon boshlab ketdilar. Akbarning o‘zi Jamnada saf tortib turgan ikki yuz harbiy kema bilan boradigan bo‘ldi. Odatga binoan, uzoq yurishga ketishdan oldin onasidan oq fotiha olish uchun Hamida begim turadigan ko‘shkka yo‘l oldi.
Salima begimning elchiligi ota-bola urushini faqat bir yilgina orqaga surganini, oradagi ixtilofning ildiz¬lari juda chuqur ekanini, Akbar Ollohobod isyonini bartaraf qilmay turolmasligini endi onasi va xotinlari ham tushunib qolishgan, uni qaytarishga kuchlari yetmas, faqat kuyinib yig‘lashar edi. Hamida begim yana xastalanib qolgan, Akbar kirganda orqasiga yostiq qo‘yib, devorga majolsiz suyanib o‘ltirar edi. U o‘g‘lini ko‘proq yonida tutib turgisi kelib, uzoq xotiralarga berildi, Jamna bo‘ylarida qanday chavgon o‘ynagani, Tar sahrosida qancha vaqt sargardon bo‘lgani, Qazvin-u Kobul, Bhira-yu Kashmir — hammasini to‘xtab-to‘xtab, birma-bir eslab chiqdi.
— Shoh o‘g‘lim, boburiylar xonadonidan eng keksasi — faqat men qoldim, — dedi. — gulbadan begim bultur yarash-yarash bo‘lgan farahli kunlarda olamdan o‘tganiga hozir mening havasim kelur... Saksonga kirganda umrimning eng taxir davri boshlangay, deb hech o‘ylamagan edim, Bolajonim!..
Hamida begim ko‘z yoshini oq doka ro‘molining uchi bilan sekin artib qo‘ydi.
— Nasib qilsa, bu taxir kunlar ham o‘tgay, onajon! Yana farahli damlarga yetgaymiz...
— Akbarjon, butun umr men sizga omad tiladim, mag‘lubiyatingizni ko‘rmayin, dedim! Ilohim, ota-bola ikkovlaring ham ketimda qolinglar, dog‘laringni ko‘rgilik qilmasin! Shu gal ko‘nglim juda bezovta!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:26:45
Akbar onasi bilan quchoqlashib xayrlashar ekan:
— Ko‘p xavotir bo‘lmang, hali yana ko‘rishgaymiz!— dedi.
U tug‘ilgandan beri bor bo‘lgan onasi hech qachon o‘lmaydigandek, abadiy sobit turadigandek tuyulardi. Lekin Akbar kemaga tushib, Ollohobod tomonga ikki kun suzar-suzmas shum xabar uni quvib yetdi. Quruqlik yo‘ldan shoshilib kelgan chopar Akbarga Salima begimning maktubini tutqazdi:

«Hazrat onamlar iztirob cheka-cheka behol bo‘lib yiqildilar. Oxirgi aytgan so‘zlari Sizning nomingiz bo‘ldi. Kechadan beri tildan qoldilar. Faqat ko‘zlari ochiq, atrofga termulib sizni izlaydilar. Hazratim, jon berolmay qiynalayotgan ulug‘ onangiz hurmati, tezroq yetib keling.
Zavjangiz Salima begim!»

Akbar darhol kemadan tushib otlandi-yu. Agraga qaytdi. O‘sha zahoti Rani Jodha Bay Ollohoboddagi Salimga maktub yo‘lladi:

«Hazrat otangiz, harbiy yurishni to‘xtatib, Agraga qaytdilar. Men Sizga bergan oq sutimga rozi bo‘lishimni istasangiz, siz ham ulug‘ buvingiz bilan vidolashish uchun tez Agraga keling. Bu o‘tkinchi dunyoda yaxshi ot qoldiring, jonim bolam! Yosh to‘la ko‘zlar bilan yo‘lingizga nigoronmen.
Onangiz Rani Jodha Bay».

Akbar yarim kechada saroyga yetib, Hamida begim yotgan xonaga kirdi. Rangi qonsiz, ko‘zlari yumuq onasining yonida cho‘kkalab, uning ozg‘in tanasini choyshab bilan birga quchdi-da:
— Onajon! — deb sekin chaqirdi.
Yolg‘iz o‘g‘lining ovozi Hamida begimni go‘yo narigi dunyodan qaytarib olib kelganday bo‘ldi. Ko‘zini majolsiz ochdi-yu, tepasida Akbar turganini ko‘rdi. Shunda xira ko‘zlari nurga to‘lib bir yorishdi, ammo tili gapga kelmadi. Akbarni tirik ko‘rgani ona uchun so‘nggi tasalli bo‘ldi. Ilhaqlik tutib turgan jon endi uzildi-yu, ochiq ko‘zlar tez so‘na boshladi.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:27:02
Ollohoboddagi Salim ham urush harakatlarini to‘xtatib, buvisini dafn qilishga kelayotgani atrof vilo¬yatlarga ma’lum bo‘ldi. Hatto o‘z o‘limi bilan falokat urushning oldini olgan Hamida begimga butun mamlakat aza tutdi. Uning tobutini Agradan Deh-ligacha yuz minglab odamlar kuzatib qo‘ydilar. Begimning jasadi o‘zi qurdirgan Mirzo Humoyun maqbarasining o‘ng qanotiga dafn etildi. Odatga binoan, uning qabri ustiga qo‘yilgan marmar tosh yuzasiga to‘rt qirrali mo‘tabar belgi tarashlandi. Bu belgi Hamida bonuning to‘rt farzand ko‘rgan ona ekanini bildirar edi.
Ollohobod uzoq bo‘lgani uchun, Salim oradan o‘n besh kunlar o‘tgandan so‘ng Dehliga yetib bordi. Hindiston odatiga binoan motamsaro oq kiyim kiyib, bobosi va buvisining maqbarasini ziyorat qildi. So‘ng Hamida begimning Agrada o‘tkazilayotgan «yigirma»siga yo‘l oldi.
Salimning qo‘shinsiz kelgani Akbarga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuldi. «Yigirma»ga kelganlar tarqagach, u o‘g‘lini xonayi xosiga taklif qildi-yu, qarshisiga o‘tqazdi.
— Xayriyatki bu gal dilingizda mehr-u oqibat g‘olib kelibdir, — dedi. — Onam rahmatli o‘z o‘limi bilan avvalo, sizning istiqbolingizni qutqardi, amirzoda!
Salim kinoyali iljaydi:
— Hazratim, nechun faqat meni?.. Siz umr bo‘yi xuddi afsonaviy Rustami doston kabi mag‘lubiyat ko‘rmay kelmoqdasiz... Agar Rustamning shunday xaloskor onasi bo‘lganda, ehtimol, o‘g‘li Suhrob ham uni yengolmagan bo‘lardi!..
Akbar o‘g‘lining nima demoqchiligini tushundi-yu, ovozini tahdidli pasaytirib so‘radi:
— E, hali siz Suhrob bo‘lib meni yengishingizga ishonganmidingiz? Nahotki siz bilan Suhrobning orasida qanchalik katta farq borligini bilmaysiz? Suhrob umr bo‘yi otasini ko‘rmay o‘sgan, uni tanimay, bilmay halol olishgan! Ammo otasining erkasi bo‘lib, ko‘zining yog‘ini yeb o‘sgan shahzodalar ko‘ra-bila turib padarkushlik qilganda olti oydan ortiq podsho bo‘lolmasligini tarix qayta-qayta isbot etgan-ku! Eng oxirgi dalil — otasiga qarshi tajovuzlar qilgan turonlik Abdumo‘min ham Abdullaxondan keyin olti oy podsholik qilar-qilmas boshi kesilganini eshitganmisiz?
— Eshitganmen, ko‘p otashin bo‘lmang, hazratim! Otaga qarshi qilich ko‘targan o‘g‘ilning davlati uzoqqa bormasligiga men ham endi aminmen.* Shuning uchun, mana, qo‘shinsiz, qurolsiz, bosh egib huzu¬ringizga keldim.
— Xo‘sh, qani, tilagingiz nedur?
— Hazrat otajon, men ham o‘ttiz beshga kirdim. O‘g‘lim Xisrav farzand ko‘rdi, men endi nevarali, siz chevarali bo‘ldingiz. Mamlakat juda ulkan bo‘lib ket¬di, uni boshqarish sizga ham qiyin. Bu borada Shoh¬ruh mirzo bilan o‘g‘li Ulug‘bekning tajribalari bizga mos kelmog‘i mumkin. Ota Hirotda, o‘g‘il Samar¬qandda bo‘lgani kabi siz Agrada bosh bo‘lib tursangiz, faqir Ollohobodda sharqiy viloyatlarni idora etsam...
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:27:14
— Demak, siz Mirzo Ulug‘bekdek mustaqil podsho bo‘lmoqchisiz! Ammo yoshingiz shunchaga kirib, nevarali bo‘lib, Ulug‘bek qilgan buyuk ishlarning qaysi birini qildingiz? Rasadxona-yu madrasalar qurdingizmi? «Zichi Ko‘ragoniy»dek kashfiyotlar qildingizmi? Ollohobodda siz o‘zingizga saroy qilib olgan qirq ustunlik ulug‘vor qasrni ham biz qurdirganmiz! Siz tayyoriga ayyor bo‘lib, kayf-u safo qilib yuribsiz!
Akbar o‘z dilida yillar davomida o‘g‘liga qarshi to‘planib yurgan dard-u alamlarni birvarakay to‘kib soldi.
— Agar siz menga to‘g‘anoq bo‘lmaganingizda, farangilarni janubdagi Goa-yu Damandan allaqachon quvib yuborgan bo‘lardim! Ular bizning ichki nizolarimizdan foydalanib endi Bangolaning janubida ham paydo bo‘lishdi. Xugla degan bandarni o‘zlariniki qilib olishdi. Agar siz menga yordam berganingizda, Tu¬rondagi xayrixohlarimizning istiqboli ham bosh¬qacha bo‘lardi! Biz bu yerda o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib qolganimiz uchun qayoqdagi ashtarxoniylar Buxoro-yu Samarqand taxtini allaqachon egallab oldi¬lar. Shuncha yomonlik qilganingiz ozmidiki, mana bu tangalardan mening nomimni olib tashlabsiz!
Akbar zarbof ko‘rpacha tagidan bir siqim oltin tangani olib o‘g‘lining ustiga sochib yubordi:
— Men ellik yil jon chekib, amalga oshirgan nek ishlarni nahotki tilab olgan o‘g‘lim shunchalik noinsoflarcha barbod qilsa?! Yana buning ustiga Abul¬fazldek eng suyangan do‘stimning boshiga yetsa?!
Salim so‘nggi gapdan dir-dir titray boshladi. Akbar uning gunohkorligini shundan ham sezdi-da, qattiq qarsak chaldi. Eshik ortida turgan ikkita devqomat yigit tez kirib kelishdi.
— Oling buni! — deb Akbar yigitlarga buyurdi: — G‘uslxonaga eltib hibs qiling! Jazosini tortsin!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:27:30
Tanasi lattaday bo‘shashib qolgan Salimni xizmatkorlar ikki qo‘ltig‘idan olishdi, qasrning bir chetidagi g‘uslxonaga olib borib, qamab qo‘yishdi.
Podshoh oilasining cho‘miladigan joyi bo‘lgan g‘uslxonaning ichi nam, derazasi yo‘q. Devorlari marmardan, oyoq ostilariga rangli toshlarni chiroyli qilib terib sangfarsh qilishgan. Dam oladigan xonasiga xushbo‘y atirlar sepilgan, guldor gilam va kimxob ko‘rpachalar to‘shalgan. Lekin hozir yomg‘ir fasli, buning ustiga g‘uslxona o‘zi nam, hamma narsa zax tortib qolgan. Sochiqlarning ho‘li qurimagan. Odam¬lar badanlarining kirlarini yuvgan shu joyda kecha-yu kunduz qamalib o‘ltirish ta’bi nozik shahzoda uchun chidab bo‘lmas qiynoqqa aylanib ketdi.
Akbar ichkariga hech kimni, hatto onalarni ham kiritmaslikni, suv-nondan boshqa hech narsa ber¬maslikni buyurdi. Soqchilar bu buyruqni qattiq turib bajara boshlashdi.
Mudom sarxil ovqatlar yeydigan, har kuni kechki payt xushbo‘y chog‘ir ichib turadigan, ikki-uch kunda bir afyun qo‘shilgan ma’jun yeb, kayf qilishga o‘rgangan Salim to‘qqiz kun non-suv bilan zax g‘uslxonada o‘ltirgach, badanlari tirishib, o‘ladigan holatga keldi. Eshiklarni taqillatib dod soldi:
— Men kasalmen! Oching!  Chog‘ir bering! Bas! Bo‘shating meni! Bo‘shating!
O‘g‘lini ko‘rishga kelgan, lekin ichkariga kirolma¬yotgan Rani Jodha Bay yig‘lab gapirdi:
— Men ne qilay, bolam? Otangiz qahridan tushmayaptilar!
— Meni Murodga o‘xshatib o‘ldirmoqchimilar?! Badanim tirishib qolyapti! Chog‘ir bersinlar, bir xumordan chiqay! Bo‘lmasa o‘lamen!
Maryami Zamon Akbarning oldiga bordi:
— Shafqat qiling! Meni ham farzand dog‘iga giriftor etmang!
— Qo‘rqmang, Maryami Zamon. Chog‘ir so‘ragan bo‘lsa hali dami baland. Yotsin o‘sha joyda! Tavbasiga tayansin!
O‘ninchi kuni Salim yana eshikni taqillatib dod sola boshladi. Goh afyunni ko‘p yeb, ostonaga bosh qo‘yganicha abadiy uyquga ketgan birinchi xotini Man Bay, goh Abulfazlning kesilgan boshi uning ko‘ziga ko‘rinib ketardi. G‘uslxonada qandaydir dahshatli sharpalar uni quvib yurganday bo‘lardi. U jinnilarcha baqirib, ho‘ngrab yig‘ladi:
— Bo‘shatinglar meni! Ko‘zimga arvohlar ko‘rinmoqda! Jinni bo‘lishimni istaysenlarmi?! Ochinglar!
Bu gal yopiq eshikning oldiga Jodha Bay bilan birga Salima begim ham keldi.
— Men bir bor elchi bo‘lib oraga tushgan edim, bolam! — dedi Salima begim. — Sarkashlik qildingiz! Nechun chog‘ir so‘raysiz? Shafoat so‘rang! Bir og‘iz «tavba qildim» deng!
Holdan toygan Salim zaif tovush bilan:
— Xo‘p, onajonlar, menga shafe bo‘linglar!.. — dedi. — Meni otamning oldiga olib borsinlar!.. Afv so‘ray!..
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:27:46
Salim o‘n kunlik hibs davomida uch-to‘rt oy kasal yotgan odamday rangini oldirgan, ko‘zlari ichiga botgan, oyoqlari kalovlanib zo‘rg‘a qadam tashlar edi. Ikki ona ikki yonida, uni otasi oldiga olib bordilar.
— Tavba qildim! — dedi Salim tiz cho‘kib.
Akbar darmoni ketib qolgan o‘g‘lini qarshisiga, onalarni ikki yoniga o‘tqazdi.
— o‘n kun g‘uslxona — sizning tog‘day gunoh¬laringiz o‘trusida zig‘irday kichik bir jazo xolos, — dedi Salimga. — O‘z oyog‘ingiz bilan kelganingiz uchun sizni ayadim, onalaringizning yuzidan o‘ta olmadim... Yomonlikning jazosi hayotdan qaytsa ana u yomon bo‘lg‘ay! Zahhoki Moron degan afsona yodingizdami? Yomonlikni ko‘p qilgani uchun Zah¬hokning ikki yelkasidan ikkita ilon o‘sib chiqmishdir. Ana shunday ilonlar har qanday podshoning ham yelkasida in qo‘yishga ishqibozdir. Bu ilonlarning biri zolimlik, biri — bid’at-u xurofot. Biri taxtparastlik, biri— xudparastlik! Men o‘z yelkamdan bosh ko‘tarmoqchi bo‘lgan bu ilonlarni yo‘q qildim, deb o‘ylagan edim. Keyin qarasam, bu ilonlar sizning yelkangizga o‘rmalab chiqmoqda. Axir bu ilonlar mudom qurbon talab qilur! Suyukli yoringiz Shoh begim, mening do‘stim Abulfazl ana shu ilonlarning qurboni bo‘l¬madimi? Shu ketishda bu ilonlar axiyri o‘zingizning ham boshingizga yetmagaymi?!
So‘nggi gaplar g‘uslxonada Salimning ko‘ziga ko‘ringan dahshatli sharpalarni yodiga soldi-yu, seskantirib yubordi:
— Inoning, hazratim, men endi o‘z nomimga xutba ham o‘qitmagaymen, pul ham zarb etmagaymen. Yelkamdan o‘sib chiqmoqchi bo‘lgan ilonlar¬ning boshini kesgaymen!
— Ilohim shu niyatingizga yeting, o‘g‘lim! Bu ilonlardan hali men o‘zim ham qutulgan emasmen. Toj-u taxt, mutlaq hokimiyat bor joyda ular hamisha bo‘lur ekanlar. Yaxshi bo‘lishni istasang, umr bo‘yi bu ilonlar bilan olishib yashashga majbur ekansen. Lekin dunyoda yaxshi nom qoldirolmasang, yashashning ne qizig‘i bor? Bobur bobomizning turkiy satrlari yodingizdami? «Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, bundin yaxshi yo‘q, to degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilik».
— Men bu g‘azalni boshdanoyoq yod bilurmen!— dedi Salim.
— Agar yod bilsangiz endi unga amal qiling! Axir avlodlar almashganda alg‘ov-dalg‘ov bo‘lishi, otalar bilan bolalar orasida nizo chiqishi tarixda ko‘p uchraydigan hodisa. Ammo bizning Bobur bobomiz bilan otamiz shu falokatdan yuqori turgan ulug‘ siymolar edi. Ulardagi mehr-u oqibat, avlodlarning bir-biriga fidoyiligi — behad noyob bir gavhar ekan. Endi siz bilan men shu gavharni yo‘qotib qo‘ymaylik, o‘g‘lim! Gavhar hayot ummoniga qaytadan tushib ketsa, keyin uni topib bo‘lmagay. Ana undan so‘ng menga qilgan oqibatsizligingiz o‘g‘illaringizdan o‘n hissa ko‘payib qaytgay. Oxirida bu illat ularni padar¬kushlikkacha olib borgay! Zinhor, ming zinhor buni unutmang!
Akbarning so‘nggi so‘zlari Salimga vasiyatdek eshitildi-yu, ko‘zlarini jiqqa yosh qildi. O‘g‘lining dili yumshab insofga kelib turgan shu damda rani Jodxa Bay uning otasiga chin ixlosmand, balki ma’naviy voris bo‘lishiga umid qildi. Akbardan so‘zlashga ruxsat oldi-yu, Salimga yuzlandi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:28:01
— Shayx Bobo, gavhar yo‘qolmasin uchun uni oltin uzukning ko‘zida asraydilar. Farzandlik oqibati gavhar bo‘lsa, uni o‘z bag‘rida asraydigan oltin — imon-u e’tiqoddir. Jannatmakon bobongiz Humoyun hazratlari o‘z otalariga dildan maslakdosh bo‘lganlari uchun shu qadar oqibat ko‘rgazganlar. Siz ham imon-u e’tiqodda hazrat otangizning sodiq maslakdoshi bo‘lmog‘ingiz kerak!
Bu so‘zlar Salimga otasi kashf qilgan dini ilohiyni eslatdi-yu, birdan vujudini sergaklantirdi.
— Hazrat otajon, tepamizda Xudo turibdir. Ros¬tini aytay. Oltin ashrafiylarga kalimayi shahodatni qayta zarb ettirganimdan ranjidingiz. Biroq men sizni ham Alloh taoloning qahridan saqlash niyatida shunday qildim. Axir kalimayi shahodat «Xudo bittadir. Al-lohdan boshqa iloha yo‘qdir» degan ma’noni bil¬di¬radir-ku. Biz boshqa dinlar, boshqa xudolarni tan ol¬sak, Allohning irodasiga qarshi borgan bo‘lmaymizmi?
— Yo‘q! Chunki men oltin ashrafiylarimga «Allohu akbar» iborasini zarb ettirganmen. Dini ilohiy «Alloh ulug‘dir» degan shu e’tiqodga asoslanmishdir. Man¬faatparast ulamolar-u, zolim hukmdorlar kalimayi shahodatni tor mahalliy ma’noda talqin qilib, diniy bosqinchiliklarga yo‘l ochib bermishlar. Ular «Allohdan boshqa iloha yo‘q» degan iborani «Boshqa xalqlarning ilohalari qalbaki, dinlari yolg‘on, shuning uchun biz g‘ayridinlarni qul qilishga haqli¬miz, ulardan jizya solig‘i olib boyishimiz kerak!» degan ma’noda tushuntirib, badnafs tamagirlarni rag‘batlantirdi. Bunday zo‘ravonliklar islom olamini boshqa xalqlarga yomon ko‘rsatdi, uning dunyodagi mavqeyini pasaytirdi.
— Lekin boshqa dinlar islomni tan olmasa, biz ular bilan nechuk inoqlashgaymiz, hazrat otajon?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:28:15
— Islomni tan olmasa, Xudoni tan olgay-ku. Axir Xudo demagan biror din bormi? Qochgan ham Xudo deydir, quvgan ham! Xudo bitta, faqat turli qavmlar uni turli nomlar bilan ataydilar, unga turfa sifatlar berurlar. Bu xilma-xillik — muqaddas yuksaklikka olib boruvchi yo‘llarning bir-biriga o‘xshamasligidan dalolat berur. Ammo inson zotining eng muqaddas tuyg‘ulari axir oqibatda yuksak bir haqiqat mehvariga yig‘ilgusidir. Men bunga imon keltirurmen, chunki barcha ellar bir quyosh ostida, bitta zaminda yashamoqdalar. Insoniyat ulg‘aygan sari imon-u e’tiqod yo‘llari tobora baland ko‘tarilib bormoqda. Men sizga tog‘ yonbag‘rlarining bir cho‘qqi ustida birlashib ketishini avval ham misol qilib aytgan edim. O‘shal cho‘qqini siz ham hozir tasavvur ko‘zi bilan ko‘rsangiz bo‘lur. Qarama-qarshi tomonlardan toqqa qadam qo‘ygan turli din vakillari bir-birlarini ko‘rmagan-bilmagan paytlarda har qancha yovlashgan bo‘lsalar ham, eng baland ilohiy nuqtaga chiqqanlarida ko‘zlagan maqsadlari-yu, intilgan manzillari yagona ekaniga amin bo‘lurlar. Muqaddas tuyg‘ularimiz oliy yuksaklikda bir-biriga tutashganda biz hammamiz odamzodning taqdiri ham, parvardigori ham yagona ekaniga ishongaymiz. O‘shanda ayturmiz: «dunyoda bizdan boshqa insoniyat yo‘qdir, yagona parvardigordan boshqa iloha yo‘qdir». «Lo iloho illollohu»ni mana shunday umuminsoniy miqyosda tushunsangiz dini ilohiy dilingizga yo‘l topgay, o‘g‘lim!
Salim bir lahza otasining mantiq kuchiga tan berib, uning haqligiga imon keltirishga chog‘landi... Ammo birdan Farid Buxoriy kabi eski musulmonobod tarafdorlari esiga tushdi. Ular ming-ming, hammasi Salimdan najot kutadi, unga umid ko‘zini tikadi. Nahotki Salim birdan shuncha odamni noumid qilib, imon-u e’tiqodini o‘zgartirsa? «Buning oqibati yomon bo‘lg‘ay» dedi unga ichki bir ovoz.
Salim otasi oldida majolsiz bosh egdi-yu:
— Hazratim. Siz aytgan oliy yuksaklikka ko‘tari¬lish bugundan boshlab mening ezgu-niyyatimga aylangay. Ammo hozir hibsdan keyingi darmonsizlik tufaylimi... dilim allanarsadan xavotir bo‘lmoqda...
Akbar xotinlariga qaradi.
— Nelar sizni xavotir qilmoqda, bolam? — deb Salima begim Salimga mehribon ko‘zlarini tikdi: — Biz sizning xavotiringizga ham sherikmiz. Dilingizdagi g‘uborni ota-ona mehri bilan yuvsangiz yengil tortgaysiz... Ochiq so‘zlang!
— Rost, sizlarning mehringiz menga shifodir... Xavotirim shulki, — deb Salim Farid Buxoriyning Kobulda aytgan so‘zlarini esladi: — Dunyoda g‘ayridinlar bizdan ko‘proqdir. Dinlar qo‘shilsa islom suyulib, mavqeyimiz pasayib ketmagaymi? Biz g‘ayridinlar ummonida o‘zligimizni qanday saqlagaymiz?
Akbar og‘ir tin oldi-yu, Salima begimga «javob bering!» degandek ishora qildi.
— Amirzodam, hazrat otangiz dini ilohiyni e’lon qilganlariga yigirma yildan oshdi. Shundan beri mavqeyimiz pasaydimi, yoki ko‘tarildimi?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:28:29
Salim o‘ylab turib:
— Ko‘tarildi, — deyishga majbur bo‘ldi.
— Chindan ham, so‘nggi yigirma yillik ko‘tarilish Hindiston tarixida ming yilda bir uchraydigan ulkan hodisa bo‘di, — dedi Salima begim. U tarix kitobla¬rini ko‘p o‘qigan, elchilik ham qilgan. Qalami o‘tkir shoira bo‘lganligi uchun Abulfazl vafot etganidan beri yozuv-chizuv ishlarida, chet ellardan olinadigan ba’zi nozik maktublarga javob yozishda Akbarga ko‘maklashadi. U Akbardan ijozat so‘rab, Salimga Angliya, Ispaniya, Fransiya va Xitoy elchilari olib kelgan maktublardan ba’zi joylarini aytib berdi: — Qarang, amirzodam, sharq-u g‘arbning shunday obro‘li davlatlari hazrat otangizni islom olamining bugungi eng ulug‘ podshosi deb tan olmoqdalar. «Sulhi kull» siyosatini katta ma’naviy jasorat deb atamoqdalar. Otangiz amalga oshirgan islohotlar islom olamining jahon miqyosidagi obro‘sini oshirmoqda, musulmon davlatlari yangi yuksalishlarga, yangilanishlarga qodir ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday buyuk yuksalish-u yangila¬nishlar Sohibqiron Amir Temur davridan buyon endi sodir bo‘lmoqda. Eng iste’dodli musavvirlar hazrat otangizni bobokaloningiz Amir Temur suratiga yonma-yon qo‘yib tasvir etganlarini siz ham ko‘rgansiz. Dunyoda hozir uchta eng qudratli davlat bo‘lsa, biri Hindistondir. Buni sharqda Xitoydan tortib, g‘arbdagi Farangistongacha barchasi tan olmoqda. Shunday bo‘lgach, nechun biz g‘ayridinlar ummonida o‘zligimizni saqlay olmas ekanmiz? Aksincha, ota¬¬ngiz barpo etgan ulug‘ davlat bu ummonda o‘zli¬gi¬mizni yanada mahkam saqlashga imkon bermaydimi?
Salima begim shoirona bir ehtiros bilan so‘zlagan sari, Rani Jodxa Bay unga mahliyo bo‘lib tikilar, uning nazarida Salim hoziroq otasining oyog‘iga tiz cho‘kib, Dini ilohiyni qabul qiladigandek bo‘lar, shundan keyin Akbar uni valiahd deb e’lon qilsa, hammalari murod maqsadlariga yetardi. Chunki Salimning ham eng katta maqsadi — valiahd bo‘lish edi. Biroq Salim o‘z diliga hali astoydil o‘rnashmagan yangi e’tiqodni xushomad tarzida nosamimiy qabul qilishni o‘ziga ham, otasiga ham munosib ko‘rmasdi. U ikki o‘t orasida qolgandek mushkul ahvolga tushdi, yuzi bo‘g‘riqib, yonoqlarida, hatto bo‘ynida ter tomchilari yiltiradi... O‘g‘lining lablari qaqrab, yorilay deb turganini Akbar endi ko‘rdi. Qarsak chalib savdarni chaqirdi-da, obihayot keltirishni buyurdi.
Akbar uchun maxsus tayyorlanadigan bu yaxna ichimlikka darmon beradigan, asabni tinchitadigan dorivor giyohlar qo‘shilgan edi. Salim oltin piyolaga quyilgan muzdek obihayotni ichib, ancha tetiklandi. Otasiga minnatdor ko‘zlar bilan qarab dedi:
— Hazrat otajon, sizdan ham, munis onajonlarimdan ham yashiradigan sirim yo‘q. Sizning dushmanlaringiz — mening ham dushmanimdirlar. Sizni g‘ayridinlar Xitoy-u Farangistonda maqtaganlari sari Turon-u Eronda, Arabiston-u Rumda bizni ming maqomga solib, «kofiru ma’jusiy» deb yomonlamoqdalar. Hatto sizga oq sut bergan enagalar orasida Rupa Rani nomli hind ayoli borligini dalil keltirurlar...
— Rost, men ham bu gapni eshitdim. Go‘yo kofirlig-u ma’jusiylik menga ona suti bilan kirgan emish, endi faqat jon bilan chiqar emish!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:28:41
Salimning o‘zi ham hind dinidagi onani emganligi uchun bu so‘zlardan dahshatga keldi:
— Onaning oq sutini ham qoraga bo‘yaydigan bunday manfur yog‘iylarga dastak bermaslik uchun faqir «Lo iloha illollohu»ni dilimga mahkam joylamishmen! Undan voz kechishga qo‘rqamen!
Akbar xiyol jilmayib so‘radi:
— Sizningcha men kalimayi shahodatdan voz kechmishmenmi?
— Yo‘q zinhor! Axir siz har kuni besh vaqt namozni kanda qilmaysiz! Juma kunlari jome  masjidiga doim namozga borishingizni el-ulus yaxshi bilur. Faqat g‘arazgo‘ylar...
— G‘arazgo‘ylar faqat siz-u bizdan emas, Qu¬r’¬on-u Hadisdek muqaddas kitoblardan ham qusur izlaganlari sir emas-ku. Ayniqsa, ota yurtimiz Turkis¬tonda islom dinini boylig-u mansab orttirish vositasiga aylantirgan tamagirlar eng ulug‘ allomalar boshiga ne kulfatlarni solmadi! Hadis ilmida dunyoda tengsiz avliyo Ismoil Buxoriyni g‘arazgo‘ylar somoniylarga yomon ko‘rsatib, Buxorodan qanday quvganlari senga ma’lummi?
— ma’lum, hazratim!
— «Alqonunni» yaratgan ulug‘ hakim Shayxurrais Ibn Sino nechun Turondan quvg‘in qilindi? Hindiston haqida buyuk kitob yozgan Beruniy nechun vataniga sig‘madi? Bizning bobomiz Bobur Mirzo nechun tug‘ilgan yurtidan judo bo‘ldi? Chunki bu ulug‘ siymolar islomning umuminsoniy g‘oyalariga tayanib, boshqa dinlarga bag‘rikenglik bilan qaragan edilar. Ular barcha xalqlarni Odam ato va Momo havodan tarqagan birodarlar deb bilganlar. Dili tor hukmdorlar shunday ulug‘ siymolarni vatanidan quvish bilan Tu-ronni tanazzulga duchor qilmadilarmi? Bir vaqtlar jahon madaniyatining peshqadam markazlaridan bo‘lgan Turon hozir qo‘shni yurtlardan uzilib, ortda qolib, jaholat ichida xarob bo‘lmoqda-ku! Nahotki siz Hindistonning ham shu ahvolga tushishini istaysiz, o'g'lim?
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:29:24
— Bunday istaklardan tangrim meni asrasin, hazratim! Mening muqaddas tilagim shulki, ota yurtimiz Turkiston ham Amir Temur bobomiz davridagi yuksakliklarga qayta ko‘tarilsin!
Bu so‘zlardan Akbar yengil bir so‘lish oldi, Salimga atalgan iliq bir otalik mehri qalbida yana uyg‘onayotganday bo‘ldi. Koshki Salim otasining ishini davom ettiradigan va yuqori bosqichlarga ko‘tara oladigan darajaga yetsa-yu, Akbar qolgan umrini o‘g‘li bilan inoq yashab o‘tkazsa!..
— Muqaddas tilak! — dedi Akbar o‘g‘lining so‘zlarini yoqtirib. — Odamning dilida muqaddas tuyg‘ular bo‘lmasa imon-u e’tiqodi barbod bo‘lg‘ay. Siz bilan mening muqaddas tilaklarimiz bor ekan, endi ularni ro‘yobga chiqarish yo‘llarini ham birga izlaylik. Siz «Lo iloha illolloh»ni Farid Buxoriylar talqinida keltirdingiz. Bunday talqin boshqa dinlarni tan olmaslikka chorlaydir, g‘ayridinlarda jizya olishga yo‘l ochadir. Jizya esa nafsi katta ulamolarga boylik keltiradir. Boy bo‘lganlaridan so‘ng katta martabalarga intiladilar. Holbuki, islomni muqaddas deb bilgan so‘fiylar boylig-u martabani tan olmaganlar. Shahrisabzda Amir Temurning piri Amir Shamsiddin o‘zlarini Kulol deb ataganlar, boylig-u martabadan voz kechib, kulollik mehnati bilan ro‘zg‘or tebratganlar. Buxoroda o‘tgan hazrat Bahovuddin Naqshband naqqosh bo‘lganlar, o‘z hunarlari hisobiga kun ko‘rganlar. Ulardan keyin kelgan mullo-yu eshonlar aksini qilib nafsga berildilar, nazr-niyoz bilan boy bo‘ldilar, qo‘sha-qo‘sha xotin oldilar. Mana menga xabari keldi: Turonda hukmron bo‘lgan Jo‘ybar shayxlari Buxoro atroflaridagi juda ko‘p yer-u mulkka ega bo‘lib, boylik orttirishda xonlar bilan musobaqa qilur ekanlar. Buning oqibatida el-yurt qashshoq¬lashib, Turon tanazzul botqog‘iga tobora chuqur botib ketmoqda. Holbuki, barcha ulamolar islom diniga Bahovuddin Naqshband kabi beg‘araz xizmat qilsalar, ota yurtimiz yana yuksalgan bo‘lur edi. Turkiyani yuksaltirgan siymolardan biri Jaloliddin Rumiy din-u millat ayirmay, barcha inson zotini birday ulug‘lagan. Muslim-u nasora, otashparast-u yohudiy — hammasiga atab Rumiy go‘zal masnaviylar bitgan. Rumiy vafot etganda uni turli din, turli millat vakillari birgalashib dafn etganlar. Yoki Alisher Navoiyning «Xamsa»sida turli din, turli millat vakillari birgalashib, butun odamzodni yomon balolardan saqlaydigan Saddi Iskandariy qurganlarini eslang. Nahotki shunday ulug‘ so‘fiylar «Lo iloha illollohni» yaxshi tushunmaganliklari uchun turli din vakillariga birodarona munosabat qilgan bo‘lsalar? Qur’oni karimning «Hujarat» surasi turli millat-u qavmlarni bir ota, bir onaning farzandlaridek birodar bo‘lib yashashga da’vat etgani yodingizda bormi?
Salim titroq qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yganicha avval onalariga, so‘ng otasiga uzrli ko‘zlar bilan qaradi:
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:30:14
— Hammasi yodimda bor, hazrat otajon. Men bugun siz ko‘tarilgan ma’naviy yuksaklikni har qachongidan ham aniq tasavvur etmoqdamen. Sulhi kullga, tinch-totuv yashashga men ham imon keltirurmen! Faqat siz kabi ulug‘ so‘fiylar ko‘tarilgan yuksaklikka har kim o‘z ruhi, o‘z zakovati, o‘z imon-u e’tiqodi bilan ko‘tarilishiga endi aqlim yetmoqda. Fotiha beringiz, toki shu yuksaklikka... ko‘tarilish menga ham nasib qilsin!
Salim otasi oldida xushomad qilmay, samimiy so‘zlagani qadrli tuyuldi. Akbar:
— Omin, shu maqsadga yeting! — deb yuziga fotiha tortdi.
Shu bilan ota-o‘g‘il urush-yurushsiz tinch yashay boshladilar. Salim otasining hurmatini joyiga qo‘yib muomala qilar, ammo imon-u e’tiqod to‘g‘risida boshqa so‘z ochmas edi. Akbar uning o‘z yoqtirgan muhiti va ixlosmandlari ta’siridan chiqib ketolmasligiga ishongach: «Oqibati ne bo‘larkan?» — deb o‘yga toldi. Uch o‘g‘il o‘stirib birortasidan ko‘ngli to‘lma¬sa... Yoki Dakandagi kichik o‘g‘il Doniyol ichishni tashlab, aqlini yig‘ib olarmikan? O‘shanda Akbar Doniyolni valiahd tayinlashi mumkin. Salim norozi bo‘lsa, Doniyolning yonida tadbirkor Abdu¬rahim xoni-xonon bor. Man Sinx ularga yordam berishi aniq. Ko‘plashib Salimni tinchitishar. «Ajab dunyo! — deb so‘nggi o‘yidan uning o‘zi taajjub qildi: — Shunday ulkan davlatni boshqargan odam, tilab olgan o‘g‘illarimni yo‘limga sololmasam-a!.. Bu ne achchiq nasiba?»

_____________
* Salim xuddi shu so‘zlarni keyinchalik o‘zining «Tuzuki Jahongiriy» deb atalgan kitobida yozib ketgan.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:30:41
XOTIMA

Akbarga berilgan hayot jomining tubidan yana bir og‘u chiqdi. O‘ttiz uch yoshli Doniyol Dakanda xuddi Murod kabi muttasil ichkilik ichishdan oqtutqaloq bo‘lib vafot etdi. Avvalgi judoliklar ustiga qo‘shilgan yana bir malomatli o‘lim Akbarga navbatdagi qaq-shatqich ruhiy zarba bo‘lib tushdi. U o‘zining umri ham oxirlab qolayotganini sezib, so‘nggi marta Dehliga bordi. Ota-onasi qo‘yilgan maqbarada bir necha soat o‘ltirib, marhumlarning xoki bilan vidolashdi. Dehlidan Fathpur-Sekriga o‘tib, o‘zi qurdirgan saroylar, e’tiqodxona va tasvirxona binolarini bir-bir aylanib chiqdi.
Aziz ko‘ka, Man Sinx va Abdurahim uning ikki yonida bormoqda edilar. To‘rtovlon Salim ota maqbarasini ziyorat qildilar, roja Birbal va Abulfazl turgan uylarni kirib ko‘rdilar. Poytaxt ko‘chib ketgandan so‘ng bo‘m-bo‘sh bo‘lib huvillab qolgan Panj Mahal qasri, Devoniom, Devonixos Akbarda ma’yus xotiralar uyg‘otdi. U hayotining eng jo‘shqin yillari o‘tgan kimsasiz binolarga qarab:
— Alvido! — deganda tosh devorlardan bo‘g‘iq aks sado qaytdi. — Hayhot, men ishongan ko‘p narsalar sarob bo‘lib chiqdi. Diniy adovat hamon tugagan emas! Sulxi qull e’lon qildig-u, ammo urushdan boshimiz chiqmadi! Otam rahmatli tabiatdagi uyg‘unlig-u muvozanatni davlat tartibotiga joriy etmoqchi bo‘lgan edi. Lekin bu — amalga oshmaydigan xayolot ekanini umrining oxirida fahmladi. Men butun odamzodni ruhan birlashtirmoqchi bo‘lganim ham hali-beri amalga oshmaydigan bir xayolot ekanini endi sezib turibmen. Balki buning uchun asrlar ke¬rakdir. Insonning umri shunchalik qisqa!
Akbar Sekri tepaligi ustidan shimol tomonga ti¬kilib, uzoqlarda Kashmir ko‘llari ichida suzib yurgan kemalarni, Kobul daryosi bo‘yidagi bog‘larni ko‘z oldiga keltirdi.
— Bir armonim — Samarqand-u Andijonlarni ko‘rish nasib qilmadi, — deb qo‘ydi. — Lekin shukur qilishim ham kerak. Mana shu binolarni qurdik. Yonimda oltmish to‘rt yildan beri sadoqatini buzmay kelayotgan Azizdek ko‘kaldoshim bor. Roja Man Sinx bilan qirq yildan berli inoqmiz. Farzandlarimdan ko‘rmagan mehr-u oqibatni tutungan o‘g‘lim Abdu¬rahimdan ko‘rmoqdamen. Uchovlaringizdan ham ming marta rozimen!
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:31:01
Akbar Agra qal’asiga qaytganda nevarasi Xisrav bilan Xurram uni qarshi oldilar. Akbar ikkovini fil¬xonaga boshlab kirdi, har biriga eng yoqtirgan fillarini taqdim qilmoqchi bo‘ldi.
Filxonada Akbarning eski qadrdoni Bhishan Chand sarkor edi. o‘n sakkiz yoshli Xisrav Namudor degan ulkan bir filni ma’qul ko‘rdi. U onasi Shoh begimning o‘limiga otasi sabab bo‘lganini bilgandan beri Salimni suymas edi. Akbar Ollohobodga qo‘shin tortganda Xisrav ham otasiga qarshi urushga qatnashmoqchi bo‘lib birga otlangan edi. Man Sinx bilan Aziz ko‘ka Xisravni Salimning o‘rniga valiahd deb e’lon qilish tarafdori edilar. Lekin Akbar ota-bola dushmanligini alanga oldirmaslik uchun bu fikrdan qaytdi. Hozir u Xisravga Namudorni taqdim qilar ekan:
— Nevaralarim, sizlar ham shu filday qudratli, filday bardoshli bo‘linglar! — dedi. — Bhishan Chand — mening qirq besh yillik qadrdonim. Bag‘ri keng hind xalqining zahmatkash farzandi. Bobur bobomizning Tohir degan zahmatkash qadrdoni bor edi. Senlar ham halol zahmatkashlar orasidan Tohirdek, Salim otadek, Bhishan Chanddek qadrdonlar topinglar! Eng og‘ir damlarda shularday beg‘araz, halol odamlarga suyaninglar.
Bu yil o‘n uch yoshga kirgan va otasidan ham ko‘hlik yigitcha bo‘lib borayotgan Xurram eng bo‘yi baland qora filni yoqtirib qoldi. Akbar bu filni nevarasiga taqdim etar ekan:
— Buning nomi — Zinhor! — deb tushuntirdi. — Fil juda ziyrak jonivor. Yaxshilikni ham, yomonlikni ham unutmagay. Filga zinhor yomonlik qilmagin. Ota-bobolaringdan faqat yaxshi fazilatlarni olinglar-u nuqsonlarimizga zinhor ergashmanglar!..
Akbar milodiy 1605-yilning kuzida bir oycha kasal bo‘lib yotdi. Vafotidan sal oldin Salimni huzuriga chaqirib, boshiga o‘zining Ko‘hinur olmosi qadalgan sallasini, egniga to‘nini kiydirdi. So‘ng Akbar o‘zining boshi ustiga e’zozlab osib qo‘yilgan Amir Temur qilichini Salimning beliga taqdirdi.
— Bu qilichga «Kuch adolatdadir» degan bashorat bitilganini bilursiz, o‘g‘lim, — dedi Salimni «siz»Â¬lab.— Ikki yuz yildan buyon avloddan avlodga o‘tib kelgan bu qilichni faqat adolat uchun kurashda ishla¬ting. Sohibqiron bobokalonimiz bizga aql-u insofni, murosa-yu ma’rifatni, mehr-u oqibatni vasiyat qilganlarini zinhor unutmang.
— Men buni umrbod yodda tutgaymen! — dedi Salim. — Sohibqiron bobomiz vasiyatlaridan ilhom olib, men ham tuzukot bitmoqdamen!
— Ilohim yaxshi niyatlaringizga yeting!
Akbar olamdan o‘tgach, bek-u a’yonlar yangi hukm¬dorga sadoqat bildirish uchun devoniomga yig‘il¬dilar. Shunda Salimning Nuriddin Muhammad Jahongir nomi bilan taxtga chiqajagini birinchi bo‘lib e’lon qilish Farid Buxoriyga topshirildi. Mavlono Farid eng katta orzusi ushalganidan ovozi sururli jaranglab, baxtiyorlik tuyg‘usini yashirolmay, bu topshiriqni bajonidil ado etdi... Albert Pereyro esa keksayib o‘z vataniga qaytib ketdi va Akbarga qarshi olib borgan maxfiy ishlari uchun katta martabalarga erishdi.
Akbarni Agradan besh mil beridagi Iskandar degan joyga, o‘zi tarxini chizgan maqbaraga dafn etdilar. Maqbarani o‘n ikki yil davomida ulug‘vor bir obida shaklida qurib bitirishga Maryami Zamon Jodxa bay bilan Salima begimning ko‘p mehnatlari singdi. Ular ikkovi ham sakson yoshdan oshib, opa-singillarday inoq yashadilar. Vafot etganlaridan so‘ng esa Akbar maqbarasining ikki qanotidan abadiy o‘rin oldilar.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:31:30
Bu orada Xisrav otasiga qarshi isyon ko‘tarib, yengildi-yu, ko‘zi ko‘r qilindi. Ko‘proq bobosiga tortgan Xurram boburiylar xonadonining eng iste’dodli vakili bo‘lib yetildi va keyinchalik Shohjahon nomi bilan tanilib, mashhur Tojmahalni qurdirdi. Ammo ungacha Akbar Fathpur-Sekrida qurdirgan muhtasham e’tiqod uyini johil xurofotchilar tag-tugigacha buzib, yakson qilib tashladilar. Shu bilan ular Akbarning turli ellar va e’tiqodlarni ahil qilishga qaratilgan g‘oyalarini ham tarix sahifalaridan o‘chirib yubormoqchi bo‘ldilar.
Lekin oradan o‘tgan to‘rt asr davomida Akbarning ma’naviy izlanishlari va umuminsoniy g‘oyalari unutilmadi. Uning nomi hindcha, ruscha, inglizcha, forscha, ispancha va boshqa tillarda bosilgan kitob¬larning sarlavhalarida uchrashi bejiz emas.
Fathpur-Sekrining dunyo taniydigan me’morlik obidalari Akbarning ijodkor ruhi hamon tirik ekanini va hali ham odamlarga badiiy zavq berishini ko‘rsatib turadi. Iskandardagi  Akbar maqbarasiga Hindis¬tonning uzoq-yaqin o‘lkalaridan va jahonning turli mamlakatlaridan turnaqator odamlar keladi.
Akbar maqbarasiga kelib gul qo‘ygan siymolar orasida hind xalqining ulug‘ farzandi Javoharlal Neru ham bo‘lgan. Javoharlal Neruning ingliz mustamlakachilari qamoqxonasidan o‘z qizi Indira Gandiga yozgan maktublarida* Akbar Hindistonni birlashtirgan va hind millatiga ota bo‘lgan ulug‘ siymolar qatorida qalamga olinadi. «Faqat shohlik martabasidan bo‘lak hech vaqosi bo‘lmagan behisob ko‘p tojdorlar orasida Akbarning chinakam mardona qiyofasi yuksakka bo‘y cho‘zib, haligacha bizni qoyil qilib kelayotgani hayron qolarli hol emasmi!» — deb yozadi Javoharlal Neru.
Kishini hayratga soladigan yana bir hodisa — Bobur va Akbar mansub bo‘lgan sulolaning asrdan asrga va mamlakatdan mamlakatga o‘tib, besh asrdan ortiq umr ko‘rganligidir. «iste’dod meros bo‘lib o‘tmaydi» degan aqida bor.
Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: Ansora 07 Fevral 2010, 14:32:00
Lekin Amir Temurning ulug‘ iste’dodi kichik o‘g‘li Shohruh orqali Ulug‘bekka o‘tganligi, uning o‘rtancha o‘g‘li Amiranshoh esa otasining o‘lmas dahosini chevarasi Mirzo Boburga yetkazib berganligi tarix tomonidan tasdiq etilgan hodisalardir. Ayniqsa, Amir Temurning ulug‘ davlat arbobi va yengilmas sarkarda sifatidagi iste’dodi ikki asrdan so‘ng Akbarda yangi bir shaklda qayta tirilgani sharqning barcha mashhur tarixchilari tomonidan e’tirof etilgandir. Akbarning me’mor sifatidagi iste’dodi esa uning nevarasi Shohjahonda yanada baland bosqichga ko‘tarilgani — bu sulolaga xos irsiy daho insoniyat tarixida kam uchraydigan bir qudrat va umrboqiylik bilan hayratomuz mo‘jizalar yaratganini isbot etadi.
Bu ulug‘ sulolaning sarzamini bizning qadimiy Turkiston ekanini ko‘p mamlakatlar hali bilmaydi. Chunki Bobur va uning avlodlarini «Ulug‘ mo‘g‘ullar» deb atash bir odat tarzida ko‘pgina mamlakatlarda saqlanib kelmoqda. Holbuki, Bobur ham, uning avlodlari ham o‘zlarining turkiy ulusdan ekanliklarini ta’kidlab yozganlar va temuriyzoda bo‘lganliklari bilan iftixor qilganlar.
Yaqin vaqtlargacha O‘zbekistonni tanimagan-bilmagan yuzdan ortiq mamlakatlar hozir bizni tan olib, elchilar yubormoqdalar. Ishonamizki, O‘zbekiston mustaqilligiga xayrxoh mamlakatlar undan sun’iy ravishda begona qilingan bu ulug‘ tarixiy siymolarning ota yurti— bizning bugungi Vatanimiz ekanini jahon miqyosida tan oladigan kunlar keladi.

1983—1993. Do‘rmon
_____________
* Javoharlal Neruning o‘z qiziga yozgan bu maktublari keyinchalik «Dunyo tarixiga bir nazar» nomli uch jildli asar shaklida nashr etilgan.

Islom.uz ma'rifat markazidan olindi.

Nom: Re: Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni). Pirimqul Qodirov
Yuborildi: AbdulAziz 08 Fevral 2010, 09:56:29
Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni)

(http://www.ziyouz.com/images/books/humoyun_akbar.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=3)

Muallif: Pirimqul Qodirov
Hajmi: 1,16 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=3)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1124.0)