ZiyoUz - Haqiqiy o'zbekona forum

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => O'zbek nasri => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 23 Fevral 2007, 03:02:03

Nom: Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)
Yuborildi: AbdulAziz 23 Fevral 2007, 03:02:03
Shaytanat (ikkinchi kitob)

(http://www.ziyouz.com/images/books/shaytanat2.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=21)

Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 730 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=21)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1168.0)
Nom: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:44:56
(http://ziyouz.com/rasmlar/books/shaytanat2.jpg)

MUALLIFDAN

   Bismillohir Rohmanir Rohiym.
   Qalamga xiyonat qilmay yashamog‘imda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatguchi, niyatlarimni amalga oshiruvimda madad berguchi, mendayin ojiz gunohkor quliga vaqtida jazo berib, vaqtida tavbalarimni qabul etib, gunohlarimni kechirguchi, ulug‘ ustozlarga bergan ne’matlardan menga-da nasib etguchi Olloh taborak va taologa shukronalar, hamdu sanolar aytmoq bilan boshlagumdir.
   Ollohning madadi ila birinchi kitobga so‘nggi nuqta qo‘yganimdan so‘ng xiyla fursat o‘tdi. Asar o‘qig‘uvchiga yetib bordi. Dashnom ham, maqtov ham eshitish nasib bo‘ldi. Bu tabiiy bir hol. Hech bir asar barchaga barobar ma’qul bo‘lmas. Asarning qaeridir bir odamga yoqar, boshqa birovga esa yoqmas. Yozuvchilarning asari ham bir farzand misolidadur. Alhol, farzandingiz birovga xush yoqar, boshqaga esa yoqmas. Tanqidlarni tinglab to‘g‘ri xulosa chiqarishga intildim. Bu xususda mazkur ikkinchi kitobni o‘qib chiqib, tayin bir fikrga kelarsiz.
   Uchrashuvlarda ko‘p takliflar aytishdi, hatto iltimoslar qilishdi. «Elchinni o‘ldirmang, shuncha kulfat u uchun yetarli emasmi?», «Asadbekni o‘ldirmang...» Shunga o‘xshash gaplar. Men ularga aniq javob yoki va’da bera olmadim. Chunki asardagi qahramonlarga men hukm chiqarmayman. Hukm voqealar rivojiga qarab bo‘ladi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:46:34
   Ko‘pchilik asarda o‘ziga tanish odamlarni ko‘ribdi. «Asadbek falonchimi?», «Elchin pistonchimi?» deb so‘rashdi. Azizlarim, bu shunchaki bir tasodif. Hayotda ham kimdir kimgadir o‘xshaydi-ku? Birovga o‘xshatsangiz ham, aynan shu odam, degan qarorga kelmang. O‘qiy boshlaganingiz mazkur kitobda ham tasodiflarga duch kelsangiz, ajablanmang.
   Bu asarni ham toqat bilan o‘qib chiqishingizda Olloh sizga madad bersin.

Bismillohir Rohmanir Rohiym.
Al-yavma naxtimu ala afvahihim va tukallimuna aydihim va tashhadu arjuluhum bima kanu yaksibuun.*


Bir dev bor ichimda, asti pinhon bo‘lmas,
Boshini egmak aning oson bo‘lmas.
Iymon ne ekanligin anglatsam ham,
Kofir u ashaddiy, hech musulmon bo‘lmas.
Shayx Najmiddin Kubro


__________________
* Ma’nosi budir: Bu kun Biz ularning og‘izlarini muhrlab qo‘yurmiz va bizga ularning qilib yurgan ishlari haqida ularning qo‘llari so‘zlar va oyoqlari guvohlik berur. («Yosin» surasining oltmish beshinchi oyati. Alouddin Mansur tarjimasi.)
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:48:22
I  b o b

1

   ...Yuqoridan turib qaraganida daryo suvi tiniq, sokin oqayotgandek edi. Suvni ko‘rdi-yu, tashnalik azobi yana zabtiga oldi. Hayajon bilan «suv!» deb baqirgisi keladi, ammo tashna lablarini jon tark etib bo‘lgan. Xarsang toshlarni oralab tezroq pastga tushmoqni istaydi, lekin jon tark etgan oyoqlar endi o‘ziga bo‘yinsunmaydi. Bo‘ysunmasa-da, jonsiz oyoqlar uni daryoga eltadi. Biroq tashna lablarga suv tegmaydi. Tepadan qaraganida ko‘ringan tiniq suvdan asar ham yo‘q. Daryo qurib qolgan (Nahot yetib kelgunimcha qurib bitdi, deb o‘ylaydi u), unda-bunda ko‘lmaklar ko‘zga tashlanadi. Ko‘lmaklardagi suvni ichib bo‘lmaydi — sasib yotibdi. Uning ko‘zlari kattaroq ko‘lmakdagi ilonga tushdi. Yo‘g‘onligi o‘qlovdek ham kelmaydi. Ajib manzara! Ilon bir baliqni o‘lja qilib yuta boshlaganu halqumining kichikligini hisobga olmagan. Oqibatda baliqning yarmigina ilon og‘zida — dam-badam jon achchig‘ida dumini asabiy ravishda silkiydi. Baliq nochor, ilon esa undan-da nochor — yutib yuta olmaydi, qo‘yib qo‘ya olmaydi. Baliqqa rahmi keldi. Uni ilon og‘zidan yulib olmoqchi bo‘ldi. Shu niyatda engashganida bir shovqin eshitildi — xuddi tunuka tom ustiga shag‘al ag‘darilganday bo‘ldi. U cho‘chib atrofiga alangladi. Ajib manzara! Daryoning quyi tomonida ko‘ringan sel oqimi o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlari bilan yuqoriga qarab bostirib kelardi. U qochmoqqa shaylandi. Jonsiz oyoqlari bo‘ysunmadi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:49:23
— Suvdan shunchalik qo‘rqasanmi? — dedi kimdir.
Kimdir... kim aytdi bu gapni? Nazarida baliq aytganday bo‘ldi.
— Suzishni bilmayman, — deb o‘zini oqladi.
— Suzishni bilmasang bu teskari daryoga nima uchun kelding?
— Chanqadim.
— Sen bu daryolardan suv icha olmaysan. Qochma. Tashnalikdan o‘lgandan ko‘ra suvga bo‘kib o‘lganing yaxshi emasmi?
— Ahmoq! Sen o‘zingni o‘yla!
— Men suzishni bilaman. Ammo shu suvda o‘laman...
    U toshlarga tirmasha boshladi. Oyoqlariga xarsang bog‘langanday — ilgarilashi og‘ir, juda og‘ir. Qayoqdan quvvat keldi, bilmaydi, harholda sel oqimidan qutulib oldi. Hozirgina tirmashayotgani xarsang toshlar baland minora g‘ishtlariga aylandi. Minora tepasidagi shaffof idishda suv bor edi, suv! U minora tepasiga yetay deganida, g‘ishtlar anor donalariday to‘kildi. U tubsizlik sari uchdi. Nafasi qaytdi. Onasi «baxtsizlikka uchrasang «la ilaha illolloh» deb aytgin», degan edi. Bu o‘gitni qariyb unutgan ham edi. Hozir, yuragi qinidan chiqayozgan holda qorong‘i bo‘shliq sari uchib borayotganda shu so‘zlarni esladi. Aytmoqchi bo‘ldi, tili aylanmadi. O‘zini zo‘rlab baqirdi: La ilaha illolloh!
— Adasi, adasi, ko‘zingizni oching, sizga nima bo‘ldi? Voy, biram bosinqiradingiz-ey...
Zohid ko‘zlarini ochib, sochlari to‘zg‘igan xotinini ko‘rdi.
— Hecham bunaqangi baqirmovdingiz-a, ko‘chaga chiqqaningizda gadoyga yetti tanga sadaqa bering. Balolardan asrar ekan. Tushingizda o‘lik-po‘lik ko‘rib qo‘rqdingizmi? — xotini savoliga javob kutmay, o‘rniga cho‘zildi. — Chalqancha yotmang, yana bosinqiraysiz.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:50:16
    Zohid xotinining amriga bo‘ysunib chap tomoniga yonboshladi. Yuragi tepishini aniq sezdi.  Xayolini chalg‘itish uchun yurak urishini sanab yotdi. Xotinining so‘nggi gapi unga g‘alati tuyuldi. O‘ylab qarasa, shu paytgacha tushida sira o‘lik ko‘rmabdi. Ishi yuzasidan turli murdalarni turli holatlarda ko‘raverib uning diydasi qotib ketgan. Mana, yo‘l chetida osilib turgan murdani ko‘rgan ba’zi odamning esi og‘ib qolishi ham mumkin. Zohid esa uni sinchiklab qarab chiqishga majbur. «Bir... ik-ki...» Yuragi xuddi askar yigitlarning qadam tashlashiday gursillay boshladi. Uyqusi tamom o‘chgan edi. Yuragida behalavotlik sezib, qaddini ko‘tardi. Xotini uxlamagan edi, boshini sal ko‘tarib «choy qo‘yib beraymi?» deb so‘radi. Zohid «uxlayver» deb o‘rnidan turdi-da, oyog‘iga shippakni ilib balkonga chiqdi.
    Oqshomda yerni yamlab yutaman degan hamla bilan yopirilib kelgan qora bulutlar to‘dasi ikki-uch o‘t purkab, guldurak solib, zaminni shiddatli tomchilar bilan savalagach, kuchdan qolgan zamin osoyishtalik hukmida beozorgina nafas olardi. Osmon toza, havo beg‘ubor... Zohid ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi. Xotinining gapidan keyin yoqib yuborilgan o‘lik ko‘z o‘ngidan ketmay qoldi. Shundaygina katta yo‘l bo‘yiga osilgan. O‘n-o‘n besh qadam naridan mashinalar o‘tib turgan. Avval ham shunday bo‘lgan. Avval ham, o‘tgan kuni ham biron-bir mashina to‘xtatmagan, «hoy, nima qilyapsanlar!» demagan. «Jon shirin-da, — deb o‘yladi Zohid.— To‘xtab, tanbeh bergan odam o‘lishi, omadi kelgan taqdirda, hushidan ketgunicha kaltak yeyishi mumkin edi. Hatto militsiya mashinasi ham to‘xtamagan. Shu joyga kelganda nima uchundir gapga chalg‘ib, ko‘rmay o‘tib ketishgan...»
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:51:04
    Zohid bu safar ishni guvoh topishdan boshlamoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda Hamdam Tolipovni avtomobil nazorati xodimlari bilan gaplashgani jo‘natdi. Oqshomdan tonggacha to‘xtatilgan mashinalarning ro‘yxatini oldirdi.
— O‘zlari ham tunda o‘tishibdi. Gap bilan chalg‘ib bu yoqqa qarashmabdi,— dedi Hamdam, so‘ng ularni   topgan bahonalariga qo‘shib, bo‘ralab so‘kdi.
— Hamdam aka, shu yo‘ldan o‘tgan mashina egalari bilan o‘zingiz gaplashib chiqasiz, — dedi Zohid.
— Foydasi bo‘larmikin? — dedi mayor Soliev,— ular ham aynan shu joyga yaqinlashganlarida gapga chalg‘igan bo‘lishadi.
— Chiqmagan jondan umid, deydilar, bir harakat qilib ko‘raylik-chi...
...Hamdamni kechgacha uchratmadi. Shu ish bilan mashg‘ul bo‘ldi shekilli. O‘zi oqshomga qadar tibbiy ekspertiza xulosalarini kutdi. Mashina egasini aniqlash qiyin bo‘lmadi: Jamshid Sunnatullaev. 1954 yilda tug‘ilgan. Nomusga tegishda ayblanib, qamalgan. Muddatidan ilgari ozod etilgan. Maktabda duradgor bo‘lib ishlaydi.
— Bu ham nomiga ishlagan. Maktabga borib yurma, uni baribir tanishmaydi,— dedi Soliev.
Zohid ham shu fikrda edi. Maktabga borsa faqat chalg‘ishi mumkin. Lekin Sunnatullaevning jinoiy ishi bayoni bilan tanishmoqni lozim, deb topdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:52:37
    Ba’zan odamzotning aqliga qoyil qolmoq kerak. O‘zining xotirasiga ishonmagani uchun «Arxiv» degan narsani topganki, bu ixtiroga tan bermoqdan o‘zga chora yo‘q. To‘g‘ri, xorijda bu vazifa kompyuter zimmasiga yuklatilgan. Ammo bizning qog‘ozlardan iborat bo‘lgan arxivimiz kompyuterdan ishonchliroqdir. Katta jinoyatlarni qo‘ya turaylik, lozim bo‘lsa, kunda necha marta aksa urgansiz — barchasini muhrlab qo‘yishi mumkin. Zohidga o‘xshagan azamat bir kuni arxivdagi «ish»ingizni ochib, «Xo‘-o‘sh, yigirma besh yil muqaddam, falon kuni, falon soatda aksirgan ekansiz, to‘g‘risini ayting, nima maqsadda aksirgansiz?» deb qolsa ajablanmaysizmi? Ana shu qog‘ozlar ichida Jamshidga aloqador hujjatlar ham saqlanar edi: bo‘yi 174 santimetr, yelkalari... ko‘kragi... og‘irligi, sochi... rangi... Surati: yonboshidan, ro‘paradan... Jingalak sochli xushro‘y yigit. Ko‘zlari ma’yus — «rostdan ham men jinoyatchimanmi, rostdan ham meni qamaysizlarmi?» deyayotganday.
    Zohid avvaliga «ish»ni hafsalasizlik bilan varaqladi. Yoshi o‘zidan kattaroq qari qizni zo‘rlamoqchi bo‘libdi. O‘smirlar orasida uchrab turadigan voqea. Uyg‘onish pallasida o‘zini boshqara olmay qoladigan o‘smirlar yuradigan yo‘l bu. Tergov bayonlari, guvohlarning so‘zlarini o‘qiy boshlagach, sergak tortdi. «Ish» bilan to‘liq tanishib chiqqach, tergovning ham, sud jarayonining ham belgilangan reja asosida borganini, Jamshid gunohsiz ekanini fahmladi. Zohid uchun bu ajablanarli hol emas edi. U faqat bir narsani bilmasdi — o‘smirlar-ku tabiiy bir kuch oldida ojiz qolishadi. Ammo bu ishni olib borgan tergovchi, hakam qanday kuch oldida ojiz qolishdi? Ularni qanday kuch boshqardi? Asadbekmi? Zohid uzzukun shu to‘dani o‘ylab yurgani uchun ham xayoliga birinchi bo‘lib Asadbekning nomi keldi. Keyin bu fikrdan qaytdi: Asadbek o‘smir bolani qamatib yuboradigan darajada mayda bo‘lmasa kerak. Jamshid qamalishda beayb ekan, jinoyatchi jandasini o‘sha yerdan kiyib chiqdimi? So‘ng kimga qo‘shildi? Nima ishlar qildi? Zohidning boshini garang qilgan savollar behisob edi. Bu savollar holva ekan. Sud tibbiy ekspertiza xulosalari uni gangitib qo‘yayozdi: murdaning yoshi ellik-ellik beshlarda. Jigari va boshiga qattiq narsa urilgan. Miyasiga qon quyilgan. O‘ng oyog‘i singan. Bo‘yi ham, ko‘krak qafasi ham Jamshidning «ish»idagi raqamlarga to‘g‘ri kelmaydi. Eng muhimi, osib o‘ldirilmagan. Bu odamning jon berganiga kamida yetti-sakkiz kun bo‘lgan.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:53:01
    Zohid avvaliga «boshqa odam haqidagi ma’lumotni adashib berishdimi?» deb o‘yladi. Telefon qilib surishtirdi ham. Yo‘q, bu o‘sha — katta yo‘l yoqasida osilib turgan murda edi. Zohidning iltimosi bilan yetib kelgan mayor Soliev ham, Hamdam Tolipov ham bu xulosadan ajablanishdi. Ular bir necha fursat jim qoldilar. Zohid muammoni ular yordamida hal etmoq niyatida edi. Xulosani o‘qigach, ularning ko‘zlarida ham savol zohir bo‘ldi. Ko‘pni ko‘rgan Soliev «bunaqa hodisalar yangilik emas», degan ma’noda qarab qo‘ygan bo‘lsa-da, o‘yga tolgani muammoga bandi bo‘lib qolganini oshkor etardi. Sukutning uzoq vaqt hukmronlik qilishiga Hamdamning toqati yetmadi:
— Xo‘sh, unda Jamshid qani? Bu odam kim? Uni Jamshid o‘ldirib, so‘ng qochib qolganmi?
— O‘zining o‘rniga mashinasini qoldirib, a? — deb piching bilan izoh berdi Zohid.
— Ha,— dedi Hamdam,— tashrif qog‘ozi bo‘lmasa o‘rniga mashinasini qoldiravergan. «Meni bi-ir mazza qilib qidirib topinglar» deganida bu.
Uning hazili javobsiz qoldi.
— Xulosa chiqarishga shoshilmanglar,— dedi Soliev o‘ychan tarzda.— O‘ldirilgan odam kim? Nima uchun uning murdasini bir necha kun saqlab turib, so‘ng osib, so‘ng namoyishkorona yoqib yuborishgan? Bu — oldingi o‘limga javobmi? Endi Jamshidning mashinasi... Ular kimnidir, balki bizni Jamshidning o‘lganiga ishontirishmoqchi bo‘lishganmi? Yoki...
— Yoki qotil — Jamshid, deyishmoqchi,— deb izoh berdi Hamdam.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:53:31
    Soliev o‘ychan tarzda, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirayotganday edi. Hamdamning izohidan so‘ng, unga norozi qiyofada boqdi:
— Ularni shunchalik kaltafahm deb o‘ylaysizmi? — dedi noxush ohangda. So‘ng Zohidga qaradi: — Nima qilmoqchisan?
— Hayronman. O‘ylab ko‘rishim kerak. Ertaga uyiga boraman.
— O‘zing xabar bermoqchimisan? — dedi Hamdam ajablanib.— Borma, baloga qolasan. Uchastkavoyga aytamiz.
— Siz... haydovchilar bilan gaplashdingizmi? — dedi Zohid uning gapiga e’tibor qilmay.
— Gaplashyapman. Uchtasini topdim. Ko‘rmadik, deb turib olishdi. Ko‘rdim, deydigan mardning topilishiga ishonmayman...
    Borliqqa shom qo‘ngan mahalda bo‘lib o‘tgan suhbatni Zohid hozir, yarim tunda esladi. Uyiga qaytib o‘g‘ilchasining behisob savollariga javob berayotganida ham, ovqatlanayotganida ham, yotganida ham muammolarning chigal kalavasi uni holi qo‘ymadi. Xayolan ming turli ko‘chalarga kirib javob izladi. U yer ostidagi zulumot yo‘lakka kirib qolgan — ro‘parada yilt etgan yorug‘lik yo‘q. Hali birinchi qotillik ildiziga bolta urmay turib, ikkinchisi mana men deb turibdi.
    Ko‘chada mashina ko‘rindi. Sekin yurayotgan mashinaning chirog‘i yo‘lni paypaslayotganga o‘xshaydi. «Yarim kechada nima qilib yuribdi? — deb o‘yladi Zohid.— Zarurat bordirki, ko‘chaga chiqqan. Jamshidning mashinasi ham yukxonasiga o‘likni ortib olib shunday yurgandir, murdani osishga joy qidirgandir? E, yo‘q, qidirmagan. Katta yo‘ldan uchib borgan. Osish joyini aniq bilgan. Keyin-chi? Keyin qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? Balki... Jamshidning mashinasidan foydalanishgandir? Balki... o‘zi qaysi bir ovloqda yotgandir? Balki... uni ham o‘ldirib bo‘lishgandir?.. Ehtimol uning o‘ligini ham xuddi o‘sha daraxtga osib qo‘yishar?»
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:55:04
    Ehtimol... Ehtimollar ko‘chasi tog‘dagi so‘qmoqlarday behisob. Zohidga esa bittagina yo‘l kerak — haqiqatga olib boradigan yo‘l.
    Zohid yana bir oz o‘yga tolib turgach, o‘rniga qaytdi. Biroq uyqusi kelmadi — tongni bedor tarzda qarshiladi.
    Ertalabki nonushtadan so‘ng o‘g‘lini bog‘chaga olib borgach, Jamshidning uyiga qarab ketdi. Eski shaharning ko‘chalari tor, ko‘rimsiz bo‘lgani bilan nomlari as’asa-yu dabdabadan iborat edi: Shodagul, Fayzobod, Qichqiriq, Gulxayri... Mahallada dunyo kezgan biron amaldor yashaganmi yo olam kezishni orzu qilgan xayolparastmi — har nechuk jahonning mashhur shaharlari nomlarini ham uchratish mumkin edi. Jamshid yashagan uy Varshava ko‘chasida ekan. Bir arava arang sig‘adigan bu ko‘cha qachonlardir katta ko‘chalardan hisoblangan bo‘lsa kerak. Uylar biri-biridan kam farqlanadi, hammasi ellik-oltmish yilning naryog‘ida qurilgan. Deyarli hammasida boloxona mavjud, ammo darvozasi yo‘q. Darvozaga ne hojatki, ko‘chaga mashina sig‘masa? Jamshid yashagan uy boloxonasi ko‘pdan qarovsiz bo‘lganidan nuray boshlagan edi. Qo‘ng‘iroq bo‘lmagani uchun Zohid ko‘p yildan beri bo‘yoq ko‘rmagan ikki tabaqali eshikni taqillatdi.  Ichkaridan ayol kishi ovoz berdi. Dam o‘tmay yoshi ellikdan oshgan bo‘lsa-da, chiroyini yo‘qotmagan bir ayol ko‘rindi. «Onasimikin?» Salom berishdan avval Zohidning xayoliga shu savol keldi. Ayol salomga alik olgach, Zohid o‘zini tanitdi. Ayol esankiramadi, ajablanmadi. Ichkariga ham taklif qilmadi. Shu sababli Zohid maqsadini dab-durustdan aytishga ikkilandi. Ayol mezbonlik odobiga zid ish tutayotganini bilib, xijolatomuz tarzda izoh berdi:
— Adalari insult bo‘lganlar. Qo‘l-oyoqlari ishlamaydi. U kishi bilmay qo‘ya qolsinlar, dardlariga dard qo‘shilmasin.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:57:32
    «Nimani bilmay qo‘ya qolganlari ma’qul? — deb o‘yladi Zohid. — Bu ayol biladimi? Birov xabar qildimi? Kim?»
— Kechirasiz, siz Jamshidning onasimisiz? — deb so‘radi Zohid, ajablanganini yashirmagan holda.
— Men... nima desam ekan... — ayol o‘ng‘aysizlandi, keyin past ovozda: — Men o‘gay onasiman, — deb qo‘ydi.
— Uzr, bilmagan edim.
— Onalari... Jamshidjon qamalganlarida uzilgan ekanlar. Mening... bolam yo‘q. Jamshidjonga ona bo‘larmikinman, deb umid qiluvdim. Xom xayol ekan. Adalariga qarab o‘tiribman... Peshonam shu ekan...
    Bu ayolga Zohidning rahmi keldi. Ko‘z oldiga Jalolshilimshiqning onasi keldi. Bola ko‘rganiga pushaymon yegan, qoshlarini chimirib, odamga mensimay qarovchi u ayol kimu tirnoqqa zor holda yashagan, yigit yoshidagi bolaga ona bo‘larmikinman, deb umid qilgan bu ayol kim? «Xom xayol ekanman», deb turgan bu ayol qalbida ozgina bo‘lsa-da umid saqlanib qolgandir.  «Jamshidjon «ona», demasalar ham mayli, uylansalar, farzand ko‘rsalar, shu bolachalar buvijon, desa, men ularga onalik qilsam, yuvib-tarasam, onalik mehrimni bersam, kelinni qizim desam...» Zohid shularni xayolidan kechirib, beixtiyor ayolning ko‘zlariga qaradi. Chiroyli ko‘zlar atrofini ajin qoplaganini endi ko‘rdi. «Ajinlar o‘tgan umrning muhri», deyishadi. Balki muhri emas, tarixidir? — deb o‘yladi Zohid.— Agar ajinlarni o‘qiy oladigan kompyuter ixtiro qilinsami? Bu ayolning ajinlari nimalarni hikoya qilar ekan? Tunlari beshik tepasida mijja qoqmay chiqishni orzu qilganlarinimi? Yo «ona» degan birgina so‘zni eshitish ilinjida yashagan yillarinimi?.. Hozir o‘gay o‘g‘li o‘limini eshitgach, yuziga yana bir ajin tushmaydimi?»
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:57:55
Zohid aybdor odam qiyofasida yerga qarab, gap boshladi:
— Men xunuk xabar bilan keldim. Jamshid... o‘g‘lingizni...
— Bilaman,— dedi ayol Zohidning mushkulini osonlashtirib. Mushkulni-ku, oson qildi, lekin hayratini yuz chandon oshirdi.
— Bilasizmi? O‘ldirib ketishganini bilasizmi?
— Ha, kecha aytishdi. Adalariga bildirmadik. Tutingan akalarinikidan chiqarishdi,— ayolning lablari titradi, ko‘ziga yosh keldi.— Odamlar bunchayam zolim bo‘lishmasa! Chimildiq ko‘rmay ketdi, boyaqish. Borib yig‘i chiqardim. Mendan boshqa kim ham yig‘lardi... Berahmlar... yoqib yuborishibdimi?.. Menga ko‘rsatishmadi...
— Tutingan akalari kim?
— Mahmudjon. Qamoqdan chiqarishda ham ko‘p yordamlari tekkan ekan. Adalari doim duo qilardilar u kishini.
— U kishi qaerda turadilar?
Ayol aytdi, Zohid yondaftarchasiga tez-tez yozib oldi.
— Jamshidni oxirgi marta qachon ko‘ruvdingiz?
— Uch-to‘rt kun bo‘luvdi. Adalaridan xabar olib ketuvdilar.
— Bu yerda turmas edimi?
— Shu yerda turardilar. Safarda ko‘p bo‘lardilar-da. Ishlari shunaqa...
— Qaerda ishlardi? Maktabda emasmi?
— Bilmasam... Yoshlar o‘zingizga ma’lum-ku, shamoldek uchib yurishadi.
— Men... faqat xabar bergani kelmaganman. Uyni ko‘rib chiqishim kerak.
— Voy... adalari sezib qolsalar...
— Boshqa iloj yo‘q, meni ham tushuning. Mana, order.—Zohid shunday deb ruxsatnomani ko‘rsatdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:58:41
— Ishonaman, qog‘ozingiz kerakmas. Faqat... sezib qolsalar... Yomon bo‘ladi-da... Ertami-indin kelsangiz-chi?
— Erta-indin ham ahvol shu bo‘ladi-ku?
— Yo‘q... Men adalarini kasalxonaga yotqizamanmi, deb o‘ylovdim. Jamshidjon ham oxirgi kelganlarida shunday devdilar. Endi... bunaqa bo‘lganidan keyin... bu yerda ham is chiqarish kerak. Xayri-xudoyi qilish kerak. Kasalxonaga yotqizmasam bo‘lmaydi. O‘sha yerda qarayman. Siz xotirjam bo‘ling, narsalariga tegmayman. Tegsam, Xudo ursin!
Zohid papkasidan tashrif qog‘oz chiqarib, ayolga uzatdi:
— Qasam ichmang. Kasalxonaga yotqizganingizdan so‘ng, menga xabar bering. Tanishingiz bormi yo biz aralashaylikmi?
— Bor, siz tashvish chekmang. Akam o‘sha yerda ishlaydilar.
Zohid xayrlashib, iziga qaytdi. Yigirma qadamcha bosib, orqasiga o‘girildi. Ayol hamon eshik oldida turardi.
    «Nimaga bu ayolga ishona qoldim? Rahmim kelganidanmi? Shu holni Hamdam akaga aytsam, meni kalaka qilardi. «Bu sohada bizning eng katta dushmanimiz — rahmdillik» deydi. Balki shundaydir. Jinoyatchiga rahm qilsang, u seni berahmlarcha o‘ldirishi ham mumkin. Lekin barcha jinoyatchi emas-ku? Hozir uyga bostirib kirganida nima bo‘lardi? O‘g‘lining o‘limini sezgan otaning joni uzilishi hech gap emas. Bittagina nojo‘ya harakatim bilan uning o‘limiga sababchi bo‘larmidim? Ha... Lekin meni hech kim qotil demas edi. Holbuki uning o‘limiga men sababchi bo‘lardim. Qiziq hol... Ko‘pchilik infarktdan o‘ladi. Surishtirib kelinsa, uni kimdir bir soatmi yo bir kunmi oldin qattiq xafa qilgan bo‘lib chiqadi. O‘sha xafagarchilik yuragiga ta’sir etgan... Lekin o‘sha ranjitgan odamni hech kim ayblamaydi. Yuragiga xanjar ursa, darrov qamaymiz. Yomon so‘z yurakka sanchiluvchi ko‘zga ko‘rinmas xanjar emasmi?..» Zohid shu fikrga kelib, ichkari kirmagani uchun o‘zini ayblamadi. Uydan bir oz uzoqlashgach, Jamshidning tutingan akasi haqidagi ayolning gaplari uni shartta to‘xtashga majbur etdi. «Mahmudjon, dedimi?» Tanish ism. Qaerda uchratganman? Ha, Asadbekka yaqin odamlardan biri Mahmud edi. O‘sha emasmikin? Qiziq, ularga kim xabar berdi? O‘likni olib chiqib ko‘mishga ham ulgurishibdi... Bu oddiy odamning qo‘lidan keladigan ish emas...»
    Zohid orqasiga o‘girildi. Ayol ko‘rinmadi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 16:59:36
2

    Bu bolaning turqi sovuqroq edi. Birovdan so‘kish eshitsa ko‘zini lo‘q qilib indamay turaverardi. Keyin esa... o‘z bilganidan qolmas edi. Ba’zan maqtov ham eshitardi. Shunda U sovuqqina tirjayib qo‘yardi. Turqi-tarovatida sovuqlik zuhr etgani uchunmi bu mahallaga ko‘chib kelishganidan beri bolalar Uni qatorlariga qo‘shishmasdi. To‘p tepishsa ham, chillak o‘ynashsa ham davraga chorlashmas edi. U ham «meni o‘yinga qo‘shinglar», deb yalinmasdi. O‘yinni tamosha qilib turaverardi.
    Ular uch mahalla naridagi uyda yashashardi. Aka-ukalar tor hovlida siqilib qolishgach, otasi shu mahalladagi shinam uyni sotib oldi. Uzoqdan emas, uch mahalla naridan ko‘chib kelishgan bo‘lsa ham U bolalar orasida «kelgindi» degan nom oldi. Uni «gap ta’sir qilmaydigan bez edi», desak xato gapirgan bo‘lamiz. Bolalarning o‘yinga qo‘shmasliklari, ayniqsa «kelgindi» deb chaqirishlari Uning g‘azabini keltirardi. Ammo g‘azabga oshno bo‘lib qolmaslik uchun o‘zida kuch topa olardi. U zohiran tengdoshlarining o‘yinini kuzatardi. Xayoli esa bu bolalar ustidan hukm o‘tkazish yo‘llarini izlash bilan band bo‘lardi. Bir necha kun ichida U rejasini pishitdi. Otasi Maskovga qatnaydigan poezd restoranida ishlardi. Shuning uchun ham uylarida bu shaharda topilishi qiyin bo‘lgan sigaret, shokolad, saqichlar ko‘p edi. Mollar vaqtida sotilmagani uchun ba’zan to‘planib qolardi. Otasi ko‘pincha yo‘lda, onasi esa mollarni qayta-qayta sanashni yoqtirmas edi. U mana shundan foydalandi. Bir kuni maktabdan qaytdi-yu, ikkita «VT» sigaretini cho‘ntagiga solib, kinoxona tomon yurdi. Kinoxona ikki ko‘cha narida, shu atrof mahallalarining zo‘rlari shu yerga makon qurishgan edi. Bolalar bulardan qo‘rqishardi. Zo‘rlarning zo‘ri — Shomil degan g‘ilay yigitcha erta-yu kech shu yerda. Kinoxona atrofida u o‘zini podshoday his etar, atrofidagi bolalar esa unga mulozimday xizmat qilishar edi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:00:08
    U kinoxona ro‘parasidagi anhor qirg‘og‘ida ikki bola bilan gaplashib o‘tirgan G‘ilay Shomil tomon dadil yurdi. G‘ilay yo‘lga orqa qilib o‘tirgani uchun uning yaqinlashganini sezmadi. U G‘ilayga yaqinlashib, to‘xtadi. Indamay turaverdi. Yo‘lga yonbosh o‘tirgan, G‘ilayning o‘ng tomonidagi bola Unga qarab: «He, chumo, ishing bormi?» deb so‘radi. U indamadi, bolaning «chumo» deb haqoratlaganini diliga tugib qo‘ydi. G‘ilay Unga o‘girilib qarashi bilan cho‘ntagidagi sigaretni olib uzatdi. G‘ilay sigaretlarni olib, yonidagi boladan so‘radi:
— Kim bu?
— Tomi ketganlardan bittasi-da,— dedi bola. Bu gap ham Uning diliga tugildi.
— Sigaret olib kelishni senga kim buyurdi? — deb so‘radi g‘ilay.
— Hech kim.
— O‘zingcha olib keldingmi?
— Ha.
— Nima uchun?
— Sizni yaxshi ko‘raman.
— Yaxshi ko‘rasanmi? Vo‘, klass! Nima uchun?
— Siz — zo‘rsiz!
Bu baho G‘ilayga yoqib, xaxolab kulib yubordi.
— Eshitdilaringmi, vo‘, klass! — dedi sheriklariga qarab.
— O‘, bor, quloqqa lag‘mon osma,— dedi o‘ng tomonda o‘tirgan bola.
— To‘xta, haydama,— dedi g‘ilay Shomil,— ke, bratishka, o‘tir. Kallang bor ekan, sen ham zo‘r bo‘lib ketasan. Oting nima?
— Hosil.
— Klass! Zo‘r ot! Sen pro‘sta Hosil emas, Hosilboyvachcha bo‘lasan. Ketvorgan boyvachcha bo‘lasan! — Shomil shunday deb uning yelkasiga urib qo‘ydi. Sigaretni ochib bittasini labiga qistirdi, so‘ng sheriklariga tutdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:02:05
    U ertasiga ham sigaret olib keldi. Taklifni kutmayoq, G‘ilayning yonidan joy oldi. Bundan bolalarning g‘ashi keldi, ammo G‘ilay indamagani uchun ular ham mum tishlab qolaverishdi. Shu-shu bo‘ldi-yu, U g‘ilay Shomilning yonidan doimiy joy oldi. Maskovdan kelgan toza aroq (Shomil shunday deb baho berdi)lardan birini olib chiqqach, martabasi yana ham yuqorilaganday bo‘ldi.
Bir kuni oqshom chog‘i Shomilning yonidan qaytayotib ko‘chasidagi bolalarning to‘p o‘yiniga duch keldi. O‘yinga bir oz qarab turdi. To‘p yonidan o‘tayotganida shartta tutdi-da, ustiga o‘tirib oldi. Uni «kelgindi» deb mensimaydigan bolalardan biri:
— Koptokni bu yoqqa cho‘z! — deb buyurdi.
    U tirjayib qo‘ydi. Joyidan jilmadi. Uning maqsadi janjal chiqarish edi. «Yana bir do‘q ursin, so‘ksin, keyin ko‘radiganini ko‘radi», deb o‘yladi. Lekin u bola boshqa baqirmadi, so‘kmadi. To‘g‘rirog‘i, so‘kishga ulgurmadi. Boshqa bir bola kelib, qulog‘iga nimadir deb pichirladi. Aftidan: «Bu bilan hazillashma, Shomilning odami», dedi shekilli.
    Do‘q urgan bola unga o‘qrayib qaradi-da, burilib ketdi. O‘yin buzildi. Uning janjal chiqarish maqsadi amalga oshmadi — qal’a jangsiz taslim bo‘ldi. Bu Uning birinchi g‘alabasi edi! U cho‘ntagidan pichoqcha chiqarib, to‘pni ikkiga bo‘ldi. Tarqalmay turgan bolalardan biri «koptogim!» deb yubordi. U esa ishshaydi. Mag‘rur holda cho‘ntagidan bitta o‘n so‘mlik chiqarib, bo‘lingan to‘p ustiga tashladi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:02:49
— O‘ynaydigan bo‘lsalaring, tuzukroq koptokda o‘ynalaring,— deb mag‘rur qadamlar bilan uyiga qarab ketdi. Bu — uning kibr yo‘lidagi dastlabki qadami edi. Ko‘p o‘tmay xoinlik ko‘chasidagi qadamini ham qo‘ydi. U Shomilning o‘g‘irlik qilishini aniq bilmasdi, ammo gumoni bor edi. Bir kuni gap orasida otasining yaqin do‘sti boy ekani, savdogar ekanini aytdi. Shomil esa uyida nimalar borligi bilan qiziqdi. U bilganicha aytdi. Shomilga shu bilganlarining o‘zi kifoya qildi. Ikki kundan so‘ng uni maktabidan, dars paytida chaqirtirdi.
— Bratishka, hozir paxaningning og‘aynisinikiga borasan. Oti nimaydi, Hasanmi? Ha, opoqingga aytasan: «Hasan amakimni mentlar tutib oldi, narsalarni gum qilar ekansiz», deysan.
Unga bir gapni ikki marta tushuntirishning hojati yo‘q edi — Shomil aytganiday qildi. Uning hovliqib aytgan gapini eshitib opoqisi tamom gangib qoldi. Bir oz nima qilarini bilmay talmovsirab turdi-da, so‘ng: «Voy, aylanay sendan», deb ichkariga boshladi. U esa o‘zini go‘llikka solib yordam berdi. Har xil qimmatbaho matolar, kiyimlar tugildi, tilla taqinchoqlar o‘raldi. Endi qo‘shninikiga olib chiqib yashiramiz, deb turishganida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Opoqi qo‘rqqanidan tugun ustiga o‘tirib oldi. U eshikni ochdi. Qarasa — qora «Volga», bashang kiyingan ikki yigit. «Bu kimning uyi?» deb so‘rab ham o‘tirishmadi. «Biz tintuv qilgani keldik», deb ostona hatlashdi. Semizligidan yurganida hansirab qoladigan opoqi tugun ustida haykalday qotgan, oyoq-qo‘lining yengil titrashidan uning hali hayot ekanini payqash mumkin edi. Yigitlar zinaga yaqinlashganda unda yana bir jon nishonasi sezildi: «Voy o‘ldim, voy xonavayron bo‘ldim», deb fig‘onini boshladi. «Sizlar kimsizlar, o‘zi? Tintuvga ruxsat qog‘ozinglar bormi?» deyish xayoliga ham kelmas edi. Nazarida eri qamoqda azob chekmoqda, hozir uni ham olib borib ilon-chayon bilan to‘la zindonga tashlashadi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:03:31
— Agar mollarni yashirmay o‘z xohishingiz bilan topshirsangiz, eringizning gunohi yengillashadi. Uch-to‘rt oyda eson-omon qaytadi. O‘jarlik qilsangiz, kamida o‘n yilga ketadi. Sherik sifatida siz ham qamalasiz, uyingiz musodara qilinadi,— dedi kelganlardan biri.
— Voy, qamalmay men o‘la qolay,— dedi opoqi yig‘lamsirab.— Mana, hammasi tayyor, hozir o‘zim olib borib topshiraman, deb turuvdim, Hosiljon, bolam, sen aytgin, topshirmoqchiydim, a? Ana qo‘shnim guvoh, ayt, bolam.
— Ha, topshirmoqchiydilar,— dedi U ming‘irlab.
— Sovet kishisining fazilati shunday, —        dedi qo‘rqitayotgan yigit.— Halollik — sog‘lik garovi.
U ayvonga chiqib tugunlardan birining chetini ochib ko‘rdi.
— Hammasimi? Yashirmadingizmi?
— Voy, yashirib go‘rimga ortmoqlab ketamanmi? Xudo ursin, hammasi shu, ana, guvoh bolam aytsin.
— Qani, bratishka, ko‘tar, mashinaga olib chiq.
«Bratishka»... demak, «Shomilning odamlari», deb o‘yladi U. Tomoshadan zavqlangan holda, buyurilgan ishni bajardi.
— Ertaga soat o‘nda idoraga borasiz. Tilxat yozib beramiz.
Ular shunday deb chiqib ketishdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:04:11
    Tomoshani-ku, ko‘rib maza qildi. Ayni choqda, tomosha nima bilan tugashini fahmlab, javoblarini ham puxtalab qo‘ydi. Shomil o‘shanda Unga qoyil qolgan edi. Boshqa bola bo‘lganida yugurib kelardi, «endi nima qilaman», deb zir titragan bo‘lardi. Yoki uyidan qochib ketardi. U esa parvoyi palak — quyosh botishini kutib, uyida o‘tirdi.
    Quyosh botdimi, demak, bozordagilar ham uy-joylari borligini eslashadi. Kun bo‘yi ming qiyofaga kirib, dam aldab, dam yalinib, dam maqtab, Xudodan emas, nazoratchilardan qo‘rqib charchagan bozorchilar so‘nggi hunarlarini ishga solib, avtobusga kira haqi to‘lamay, uylariga yetib oladilar. So‘ng yostiqqa yonboshlab pul sanaydilar. Ana shu pulni sanash chog‘ida bir kunlik hordiq ko‘tariladi... Hasan aka esa bu shom yostiqqa yonboshlashga, pul sanashga ulgurmaydi. U Hasan akaning uyga kirib kelishini, xotini bilan uchrashishini o‘zicha ko‘z oldiga keltirib kulimsirab qo‘yadi.
    ...Shubhasizki, Hasan aka uyga kirib kelgach, xotini dovdiraydi. Otasi go‘rdan qaytib kelsa bunchalik ajablanmas, ammo «kamida uch-to‘rt oy qamoqda o‘tirishi lozim bo‘lgan» erining kirib kelishidan hayron bo‘ladi.
— Voy, Xudoyimdan aylanay, qo‘yib yuborishdimi, a? — deydi xotin.
— Kim qo‘yib yuboradi? — deb ajablanadi er.
So‘ng... boshlanadi. So‘ng... g‘azab otiga mingan er-xotin uzun-qisqa bo‘lib kirib kelishadi.

Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:06:37
    Shunday bo‘ldi. «Onaginangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman!» deb Hasan aka do‘q urdi. «Yergina yutkur, pismiq», deb xotini qarg‘adi. Ularga otasi bilan onasi qo‘shildi. U esa kiprik qoqmay turaverdi. Faqat otasi urib yuborganidan so‘ng tilga kirdi. U otasidan hech bo‘lmasa bir shapaloq yeyishini, shapaloqdan keyin musht tushib qolmasligi uchun yig‘lamsirab baqirishi lozimligini ham hisobga olgan edi.
— Urmang! Agar ursangiz, bularning uyini yoqib ketishadi.
— Kim yoqadi? — deb so‘rashdi baravariga.
— O‘sha odamlar.
— Sen ularni taniysanmi?
— Yo‘q. Ko‘chada turuvdim. Bittasi keldi. Hasan akangnikiga kirib shu gapni aytasan, dedi. Men aytmayman, dedim. Aldayotgan bo‘lsangiz, meni o‘ldirishadi, dedim. U kishi «agar seni birov chertsa ham mana shu uyni yoqib yuboramiz», dedi. Agar kirib aytmasang, seni so‘yamiz, deyishdi. Mana bu yerimga pichoq tiqib olay dedi,— U shunday deb barmog‘ini bo‘g‘ziga niqtadi. Onasi Uning gapiga chippa-chin ishonib, qo‘rqib ketdi. U esa gapi ta’sir eta boshlaganini sezib, so‘nggi, hal qiluvchi zarbani berdi: — Ishonmasangiz mentlarga xabar qiling. Hammasini aytib beraman. Ular o‘g‘rilarni topishadi.
— Mentlaring kim? — dedi opoqisi tushunmay.
— Milisa,— deb po‘ng‘illadi U.
— Adasi, gapi to‘g‘ri, a?
— Yo‘q, milisaning keragi yo‘q. Ularni o‘zimiz topamiz. Hasanjon oshna, buni menga qo‘yib bering, bilganlarini joniga qo‘shib bo‘lsa ham sug‘urib olaman. Topilmasa, mollarning teng yarmi mening bo‘ynimda.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:08:25
    Ular chiqib ketishgach, otasi yana iskanjaga oldi. Yana urdi. Endi onasi yonini oldi.
— Aytmasam o‘ldirishardi, deyapti-ku? Shularning moli deb mening bolam o‘lib ketishi kerakmidi?
— Hovliqma, e galvars, buningni qo‘rqitishgan. Bu hezalak bitta gapga laqqa tushgan.
— Laqqa tushmadim. Qo‘rqqanim ham yo‘q. Men hezalak emasman,— dedi U dadil.— O‘ldirmasligini bilardim. Lekin boshqa ishni albatta qilardi.
— Qanaqa ishni?
— Hasan akaniki bo‘lmasa, biznikiga kirishardi. Shu ko‘chadan ikkita uyni mo‘ljallashgan ekan.
Shu gapi boshi uzra quyuqlashayotgan abri baloni tarqatdi. Otasi shashtidan tushdi, onasi  Uning aqliga tasanno aytdi.
    U quruq qolmadi o‘shanda. Cho‘ntagi pulga to‘ldi. Shomil uchun qilib yurgan barcha xarajatlari qoplandi. «Sizga bildirmay sigaret sotuvdim», deb onasiga ham puldan berib, olqish oldi. Qolgan pulni Shomilning atrofidagi bolalarni iydirishga sarflay boshladi. Shomil boshqalarga nisbatan ko‘proq unga ishonardi. Shu ishonch tufayli Shomilning katta akalari davrasiga kirib bordi. Katta akalar bilan Uning orasida Shomil bor edi. Uni yo‘ldan olish, katta akalarga vositachisiz yaqinlashishni o‘yladi. Bir necha uyni o‘marishda yordam bergach, katta akalar ham uni yaxshi ko‘rib qolishdi. Ana o‘shanda u aqlini ishga soldi. Shomilni mustaqil ishlashga unday boshladi. Shomil yoniga uch bolani olib, u ko‘rsatgan uyga tushdi. U esa o‘sha zahoti militsiyaga xabar qildi. Bir marta sudlangan Shomil qulog‘ini ushlab ketdi. U esa olg‘a boraverdi. Avval kinoxona atrofining mutlaq xo‘jayini bo‘ldi. Shomil bolalarni kuch bilan ushlab turardi. U esa puli bilan ushladi. Shomil qamoqdan qutulib chiqqanida Uning ta’sir doirasi ancha kengaygan, oddiy Hosil emas, chindan ham Hosilboyvachchaga aylangan edi. Shomilga xiyonat qilgan bo‘lsa ham, qamoqdan chiqishini aniqlab, o‘zi kutib oldi. Shohona izzat ko‘rsatdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:09:08
— Xoinligingni bilsam ham seni sotmadim,— dedi Shomil unga.
— Siz — zo‘rsiz! Sotmasligingizni bilardim.
— Nimaga atrofimda pashshaxo‘rda bo‘lyapsan, endi qo‘rqyapsanmi?
— Sizdanmi? — U kuldi.— Men hech kimdan qo‘rqmayman. Siz menga keraksiz. Men esam sizga kerakman. Siz — zo‘rsiz, lekin katta ishlar qo‘lingizdan kelmaydi.
Shomil bir-ikki kun surishtirib, mavqeini aniqlagach, Unga tobe bo‘la qoldi. Ilgarilari U Shomilning yonidan jilmagan bo‘lsa, endi Shomil uning yonidan jilmaydigan bo‘ldi. G‘ilayning o‘qrayib qarashiyoq ko‘pchilik ko‘ngliga g‘ulg‘ula solardi. Ana shu qarash tufayli ayrim ishlar «Tinch yo‘l bilan hal etilar edi»...
    Hosilboyvachcha hali keng qanot yoymasdan avval Asadbek pinjiga kirishga urinib ham ko‘rdi. Uning niyati qal’a ichiga o‘tib, so‘ng asta yemirish edi. Biroq qal’a sarkardalari U o‘ylagandek anqov emas edilar — yaqinlashtirmadilar. Asadbek Uning turqini ko‘rgandayoq ensasi qotdi. Chuvrindi Uning tarjimai holi bilan erinmay qiziqib, Asadbekni xavfdan ogoh etdi. U hatto Kesakpolvonga ham yoqmadi. «Bu mijg‘ovning qo‘lidan faqat mijg‘ov ishlar keladi», dedi. Na iloj, yo‘li to‘silgan ekan. U ham anoyi emas, indamay orqasiga qaytavermaydi. Qal’ani qamal qiladi. O‘n yilmi, yigirma yilmi, qamal qilib turaveradi. Oxir-oqibat qo‘lga oladi. So‘ng qo‘porib tashlaydi.
Keyingi voqealar, ayniqsa Qilich Sulaymonov voqeasi unga qal’a nuray boshlaganidan dalolat berdi. U avvaliga vinzavod boshqoniga yordam berdi. So‘ng qo‘l-oyog‘ini bog‘lab egasiga topshirdi. Qilich Sulaymonov Hosilboyvachchaga suyanaman, deb go‘llik qildi. Bolalikdagi voqealar, gaplar uning esidan chiqqan edi, Hosilboyvachchaning esa xotirasi tiniq, o‘yinga qo‘shmagan, «kelgindi» deb haqorat qilgan bolani u hali unutmagandi. Qilich Sulaymonov bahonasida Asadbekka qarshi olib borayotgan pinhona urushi yashirin holatidan chiqa boshladi. Elchinni to‘yga taklif etib sharmanda qilganida buni ko‘pchilik sezdi. U davri-davroni kelayotganini sezdi. Ayniqsa Jamshidning o‘limi «dushman lageri»ning parokandalikka uchrayotganini ayon etdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:10:03
    Chuvrindinikiga fotihaga bordi. Maqsad — fotiha o‘qish emas, maqsad — Asadbekning, a’yonlarining rang-ro‘yini ko‘rmoq, kayfiyatlari qanday ekanini aniqlamoq edi. Asadbekni ham, Kesakpolvonni ham uchratmadi. Uni Chuvrindining yolg‘iz o‘zi, sir bermagan holatda kutib oldi.
— Kimning ishi ekan bu? — dedi Hosilboyvachcha.
— Dunyoda g‘alamislar kammi? — deb javob berdi Chuvrindi.
— Harholda g‘aflatda qolibsizlar. Bek akamga ayting, g‘aflat yomon narsa. Bu ikkinchisi, a?
— Ha, ikkinchisi.
— Bizga xizmat bormi? Topaylik o‘sha g‘alamislarni.
— E, boyvachcha, tashvish chekmang. O‘rganning nonini yarimta qilmaylik. G‘alamislarni topish — ularning yumushi. Biz tirikchilik orqasida tinchgina yurgan odamlarmiz...
Shu suhbatning ertasiga «Asadbekning qizi o‘zini osibdi» degan tahlikali xabarni eshitgach, unga ko‘p narsa oydin bo‘ldi. «Bek aka tugabdilar, asfalasofilinga jo‘nashlariga bir qadam qolibdi», deb qo‘ydi.
    Shu kuni Hosilboyvachcha qamal holati yakunlanganini angladi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:11:04
3

    Zelixon biron g‘alva chiqmog‘ini kutgan edi. Ammo bu qadarli fojia yuz berar, deb o‘ylamagandi.
    Beozorgina tong otdi. Bu tongni Ismoilbey odati bo‘yicha namoz bilan, kichkintoylar uyqularida ko‘rayotgan shirin tushlari bilan kutib olishayotgan edi. Ahadbeyning iltimosiga ko‘ra bu uyda tunagan Zelixon uxlaganday bo‘lmadi. Har yarim soatda shovqin solib o‘tuvchi poezdning guldiragiga bu xonadondagilar ko‘nikib qolgan, uxlayverishadi. Ismoilbey bomdodni o‘qiyotganida yana bir poezd o‘tdi-yu, Zelixon o‘rnidan turib ketdi. Ahadbey ham uyg‘oq edi, oshnasining turganini ko‘rib, u ham qaddini ko‘tardi.
    Ismoilbey namozni ado etib bo‘lganidan keyin ham joynamozdan jilmadi. Otasining uzoq o‘tirib qolganidan ajablanib, Ahadbey unga qarab-qarab qo‘ydi.
Quyosh ko‘tarilganida bolalar ham turishib, barchalari birga o‘tirib nonushta qilishdi.
— To‘yni bekor qoldirding, oshna, mana, hammasi tinchiganga o‘xshaydi,— dedi Zelixon choy icha turib.
— Tinchigani rost bo‘lsin,— dedi Ahadbey.— Endi to‘yni qovun pishig‘ida qilamiz.
— Inshoolloh,— dedi Ismoilbey o‘ychan.— Bandalariga insofu tavfiq bersin. Zulmdan asrasin. Ya bani Odama! Inni harratu-z-zulma ala nafsii va jaaltahu baynakum muharraman fala tazalamuu.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:11:20
    Odamlar bilan gaplasha turib, ora-orada o‘zicha pichirlab qo‘yish Ismoilbeyning odati edi. Bu safar pichirlamay, hamma eshitadigan qilib arabchalab gapirishi Zelixonni ajablantirdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi u.
— Tushunmadingmi? Ha, bu hikmatni anglash qiyin. Anglagan taqdirda ham amalga oshirish mushkuldir. Boshqalarni qo‘yatur. Mana, sen, anglaganingda ham ijro etolmaysan.
— Shu qadar befahmmanmi yo ojizmanmi? Qani, ayting-chi. Balki...
— Olloh subhanahu va taolo aytadiki, «Ey odam farzandlari, men zulmni o‘zimga harom qildim va uni sizlarning o‘rtalaringizda ham harom qildim. Bas, bir-birlaringizga zulm qilmanglar».
— Yaxshi gap ekan,— dedi Zelixon.— Lekin menga tanbeh berganingizga tushunmadim. Men hali birovni o‘ldirmaganman. To‘g‘ri, urganman, o‘marganman, lekin o‘ldirmaganman.
— Zulm faqat o‘ldirishdan iborat emasdur. Yomon so‘z aytib birovning dilini og‘ritish ham zulmdir.
— Endi bu yog‘ini juda tor olib yubordingiz. Ba’zan shunaqa holat yuz beradi-ki, biron ablahni o‘ldirib faqat savob topasiz. Mana, Selimni do‘pposladim. Ahadbey ko‘rdi. Aslida qilmishi uchun uni o‘ldirishim shart edi.
— Al qasosu minal Haq! Jazo berishga senda huquq yo‘q. Jazolovchi qodir Xudodir.
— Xudo u ablahni jazolagunicha, dunyoni ostin-ustin qilib yuboradi.
Ismoilbey Zelixonga gap uqdirib bo‘lmasligini bilgani uchun «Bandalaringga insof ber», deb pichirlab qo‘yib, bahsni to‘xtatdi. Zelixon gapni chuvalamadi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:11:51
    Dasturxon yig‘ishtirilayotgan paytda ko‘chaning narigi betidagi qo‘shni ko‘rindi. Ko‘cha eshik ochiq edi, shu sababli «Domlajon, uydamisiz?» deb kirib kelaverdi. Uch-to‘rt kundan beri soqol olishga hafsala qilmagan ellik yoshlardagi kishi Ismoilbey bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Dasturxonni qayta yozishmoqchi edi, unamadi.
— Bozorga bormoqchiman, domlajonni bir ziyorat qilay, dedim. Ko‘chaga chiqib qarasam, darvozamning tepasiga chorsi bog‘lab qo‘yilibdi. Yap-yangi, deng. Yechib, belimga bog‘lab oldim, — u kulimsirab belbog‘ni ko‘rsatdi. — Hoynahoy domlajonning nabiralari bog‘lashgandir, sovchi qo‘ymasdan oldin turklar shunaqa qilarmikin, deb fikr qildim.
— Yigitali aka, bizda bunaqa odat yo‘q. Sovchi qo‘yishga hali besh-o‘n yil bor.
— Endi bu bir omadi gap-da, Ahadbey inim. Hozirdan chorsi bog‘lab turilsa, chorsidan yalchib qolarmidik, deyman-da. — U shunday deb kuldi-da, ajablanib qarab turgan Zelixonga ko‘zi tushib, jiddiylashdi. — Bu hazil, domlajon, omadi gap shuki, men munday qarasam, yana uch-to‘rt darvoza tepasiga bog‘langan. Shunga boshim garang bo‘ldi. Bozorga borishga ham oyog‘im tortmay qoldi. Yo‘ldan qaytdim. Yuragimga bir g‘ulg‘ula oralaganga o‘xshaydi.
    Yigitalining keyingi gapini eshitib, Ismoilbey boshini egdi. Uning yuragi bir necha kundan beri notinch edi. Bir necha kundan beri ko‘zini yumdi degunicha, ona yurti Mesxetiyani ko‘radi. Dengiz mavjlari ko‘zlarini quvnatadi. Dengiz sohilida, qirg‘oqdagi mayda toshlarni ohista silayotgan ojiz to‘lqinlarni bezovta qilib yugurayotgan ishtonchan bolani ko‘radi. «Sen kimsan?» deb so‘raydi ajablanib. Bola qiqirlab kuladi. «Men — o‘zingizman, men — Ismoilbeyman. Men bunda bobomni kutayotirman». Hayotni faqat shodlikdan iborat deb o‘ylovchi bola — Ismoilbey qiyqirib, quvnab yuguradi. Dunyodan rizqi uzilay deb turgan qariya — Ismoilbey esa unga havas bilan qaraydi. Unga ergashib yugurgisi keladi. Ammo oyoqlarini yerdan uza olmaydi. Bola — Ismoilbey yuguradi. Sachragan suv tomchilari quyosh nurida zumrad misol bir tovlanish beradi-yu, yana o‘z o‘rniga qaytadi. Bolaning quvnashidan dengiz ham mast, quyosh ham yayrab nur sochadi... So‘ng... dengizning ufqqa tutash yerini yondirib quyosh botadi. So‘ng Oy ko‘tarilib, bu yong‘indan aziyat chekkan dengiz yuzini silab, ovutadi. Oy nuri dengiz uzra uzun poyandoz soladi... Shu onda poyandoz ustida bobosi ko‘rinadi. Bola — Ismoilbeyni ko‘tarib, yelkasiga o‘tqizadi. Iziga qayta boshlaydi. Bola xursand. Bobosi g‘amgin. Indamaydi. Nur poyandoz bo‘ylab yuraveradi. Qariya — Ismoilbey bobosini chaqiradi. Javob bo‘lmaydi. So‘ng u ham poyandozga oyoq qo‘yadi. Yuraveradi, yuraveradi... Oxiri dengiz tubiga qarab tusha boshlaydi. Bola — Ismoilbey bilan bobosini suv yutadi. Uning esa nafasi qayta boshlaydi... Cho‘chib uyg‘onadi. Kalima keltiradi... Necha kundan beri ahvol shu. «Bu nimadan darak beradi?» deb o‘ylaydi. O‘y o‘ylab, o‘yining nihoyasiga yeta olmaydi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:12:29
Yigitalining gapi xavotirini yana uyg‘otadi.
— Kimlarning uyiga chorsi bog‘lanibdi? — deb so‘radi Ismoilbey.
— Haydarali, Muhsinali, Ziyodali, Niyozali...
    Bu mahallada o‘zbeklarga nisbatan turklar ko‘proq edi. Yigitali nomini tilga olgan odamlar o‘zbeklar bo‘lgani uchun, Ismoilbeyning gumoni haqiqatga aylanganday bo‘ldi. Lekin Yigitaliga sir boy bermadi.
— Yigitali, siz bozorga bahuzur boravering. Bu bolalarning bir o‘yini bo‘lsa kerak-da.
Yigitali chiqib ketgach, Ismoilbey Zelixon bilan Ahadbeyni yoniga chorladi:
— Bu o‘yinda bir shumlik bor ko‘rinadi, — dedi u. — Ziyrak bo‘linglar. Kimdir o‘zbeklarning uylarini belgilab chiqibdi. Shu uylarga balo yog‘ilmasin, ziyrak bo‘linglar.
    Zelixon nonushtadan keyin ketmoqchi edi. Bu gapni eshitib, joyidan jilmadi. Barchalarining ko‘ngliga bulut soya tashlagan, biroq ular bu bulutning nomi ofat ekani, undan tez orada yog‘ajak ofat yomg‘irining necha shirin jonlarni sug‘urib olmog‘ini, necha odamlarning sargardonlik balosiga mubtalo etmog‘ini bilmas edilar.
    Bu tong quyosh beozorgina bosh ko‘targan edi. Odati bo‘yicha beozor nur sochardi. Ajabki, bu beozor nur-dan g‘ofil bandalar ham, ahli shaytanat ham nur emardi.
    Ofat buluti kutilmagan tezlikda, kutilmagan yovuzlik do‘lini yog‘dirib bu mahallaga ham yetib keldi. Bulutning sovuq shabadasini avval Yigitali keltirdi. U hovliqib kirdi-da:
— Domlajon, omadi gap shuki, dam g‘animat! Turklarning uylariga o‘t qo‘yishyapti! O‘zlarini kaltaklashyapti, qochinglar! — dedi.
— Kim yoqyapti, kim uryapti? — deb so‘radi Zelixon.
— Kim bo‘lardi? — dedi Ahadbey unga javoban. O‘g‘lining zaharli gapini eshitgan
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:13:11
Ismoilbey bosh chayqadi:
— Unday gumon qilma, o‘g‘lim. Non bergan jon olmaydi.
Mahallaning kunbotar etagidan quyuq qora tutun o‘rlay boshladi.
— Qaranglar! — dedi Yigitali.
— Bolalar qani?! — deb baqirdi Zelixon. — Tez bo‘l!
Ular ko‘chaga chiqishganida olomon ko‘rindi.
— Biznikiga, biznikiga kiringlar, — dedi Yigitali hovliqib.
Fikrlashmoqqa, maslahatlashmoqqa fursat yo‘q edi. Hammalari vahima to‘riga o‘ralgan holda Yigitalinikiga otilishdi.
— Darvozaga bog‘langan chorsining ma’nosini endi tushundingizmi? — dedi Zelixon. — O‘zbeklarning uyini belgilashgan, bu uylarga tegishmaydi.
— Men ahmoq, uni yechib olibman, — Yigitali shunday deb, ko‘chaga chiqdi.
    Odamlarning hayqiriqlari, faryodlar, yonayotgan uylarning tomidagi shiferlarning otash zabtiga chidamay qarsillab yorilishi — hammasi ayqash-uyqash bo‘lib ketdi.
Olomon Ismoilbeyning uyiga yaqinlashganida Yigitali ularning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi.
— Hoy, yaxshilar, bu uyda domla turadilar. Tegmanglar, Xudodan qo‘rqinglar!
    Olomonni boshlab kelayotgan malla odam unga tanish ko‘rindi. Biroq uni qaerda ko‘rganini bu sarosimada eslay olmadi. Malla benzin to‘ldirilgan plastmas idishni qo‘ltiqlab olgan edi. Yigitali uni qo‘lidan ushladi.
— Birodar, bu uyga tegmanglar. Domlaning uyi. Bolalarimizni o‘qitgan.
— Nari tur! — malla shunday deb so‘kindi-da, tirsagi bilan qattiq turtdi.
    Yigitali shundan keyin esladi: buni kecha oqshom chog‘i shu ko‘chada ko‘rgan edi. U o‘ziga o‘xshagan uch-to‘rttasi bilan ko‘zlari olazarak holda ko‘chadan sekin o‘tib borayotganida Yigitali: «Birodarlar, birovni qidiryapsizlarmi?» deb so‘rab, «Ammangning erini, bor ishingni qil», degan javob eshitgan edi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:13:44
Ko‘kragidan zarba yegan Yigitali achchiqlandi-da, uni yoqasidan oldi:
— Tegma, deyapman senga, itdan tarqagan!
Malla uning oyog‘iga zarb bilan tepdi. Yigitali og‘riqqa chidolmay cho‘kkalab qolganida jag‘idan tepki yeb, cho‘zildi. Malla bir oyog‘i bilan tomog‘ini ezgan holda ustidan benzin quya boshladi.   Ana shu onda Zelixon eshikdan mo‘raladi. Mallani tanidi — Fedya! U yashin tezligida eshikni ochib, ko‘chaga otildi. «Fedya!» deb baqirdi. Fedya ovoz qayoqdan kelganini fahmlamay turib jag‘iga tushgan musht zarbidan qalqib ketdi. Qorniga tushgan tepkidan bukchayib, qo‘lidagi idishni tushirib yubordi. Zelixon hushidan ketayozgan Yigitalini turg‘izmoqchi bo‘ldi.
— O‘zlaringning o‘zbeklaringni o‘ldirtirib tomosha qilib turasanlarmi! — deb baqirdi Zelixon olomonga qarab.
— Urlaring, bu turkni! — deb baqirdi jon achchig‘ida Fedya. Shu zahoti Zelixon gardanida og‘riq sezdi. Yigitalining: «Birodarlar, bu turk emas!» degan baqirig‘ini eshitdi. Eshitdi-yu, hushidan ketdi. Dimog‘iga achchiq tutun kirib, ko‘ngli aynidi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:16:00
II  b o b

1

    «Man zalla fi nafsihi rafa’allohu qadrahu va man azza fi nafsihi azallahu fi a’yuni ibodihi»*.
    Asadbek bu hikmatdan bexabar edi. Bola chog‘ida, bunday hikmatlar qalbiga muhrlanishi lozim bo‘lgan pallada otasi urushda edi. Onasi tirikchilik tashvishidan ortmasdi. Mahalladagi qari-qartanglar ham bolalarga odob o‘rgatish yumushiga befarq bo‘lib qolgan edilar. Go‘yo ular urush tamom bo‘lganidan keyin ham hayot davom etajagini, jamiyat yaxshi xulq egalariga muhtoj bo‘lajagini unutgan edilar. Barcha o‘z qayg‘usi, o‘z tashvishi bilan band edi. Keyinchalik og‘ir zamonlar o‘tdi. Qorin to‘ydi. Ammo ruh och qolaverdi. Odamlar esa bargsiz, mevasiz daraxtga aylandilar.
    Asadbekning ruhi ba’zan ochlikdan chirillar, vujudini tilka-tilka qilib tashlardi. U chorasiz, bu yoshda endi ruhini to‘ydira oladigan ozuqa topa olmas edi. Ruhi och odamning bu dunyoda umr kechirmog‘i og‘ir, juda og‘ir. Mol-mulk hisobsiz, ammo ruh och. U ba’zan holatiga o‘zi ham tushunmay o‘yga toladi: «Menga yana nima yetishmaydi?» deb o‘ziga-o‘zi savol beradi. Savol berishga beradi-yu, javob topa olmaydi. Bu ojiz banda bilmaydi-ki, boylikda hech qanday ulug‘vorlik yo‘qtur. Boylik — sokinday ko‘ringan dengiz uzra qurilgan bir qasrdir. Dengiz bir chayqalsa, tamom, qasrdan nom-nishon qolmas.
    Sirtdan qaragan kishiga balki u baxtli ko‘rinar. Asadbek faylasufona fikrlar bilan mashg‘ul bo‘lmoqni yoqtirmaydi. Mushohada qilmoqni Chuvrindiga chiqargan. Bir kuni u: «Kimning qalbi bo‘lmasa — u baxtsizdir», degan edi. Kesakpolvon: «Bunaqa gaplaring bilan miyamning astarini teskari qilib yuborasan», deb so‘zini bo‘lgan, Asadbekka esa mana shu hikmat yoqqan edi. Hatto bir necha kun bu hikmatning mag‘zini chaqmoqchi bo‘lib o‘ylanib ham yurdi. Keyin esa... yodidan chiqardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:18:29
    Zaynab o‘zini osgach, xotirasining qay bir burchaklarida g‘aflat bosib yotgan bu hikmat uyg‘ondi. «Mening qalbim yo‘qmi, men baxtsizmanmi?» degan savol uni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Qizining o‘zini osib qo‘yganini eshitib qo‘rqdi. Nimadan qo‘rqdi — bilmaydi. Zaynab o‘g‘irlanib, so‘ng qaytib kelgan mahalda, «bundan ko‘ra o‘ldirib yuborganlari yaxshi edi», degan o‘yga ham borgan edi. Qizi ajal bilan yuzma-yuz bo‘lganida esa, qo‘rqdi. Kechagina nomus unga hukm o‘tkazgan edi. Shu nomus bandiligida Jamshidga o‘limni ravo ko‘rgan edi. Bugun nomus tuyg‘usi uni tark etdi. Bolasining o‘lishi mumkinligi uni qo‘rquvga soldi. Shu qo‘rquv tufayli qizi yotgan uyga kirishga yuragi betlamadi. Manzura fojianing sababini bilmas edi. U esa, aniq bilmasa-da, taxmin qilardi. Shu bois uyga kirib qizining ko‘ziga qarashga botinmas edi. Manzura bir-ikki hovliga chiqib, unga ma’nodor qarab qo‘ygach, kirishga majbur bo‘ldi. Zaynab ko‘zlarini shiftga qadab yotardi. Otasi kirganini bilsa ham, hatto kiprik qoqmadi. U o‘zini osganini biladi. Ammo hozir tirikmi yo o‘likmi ekanini bilolmaydi. Onasining yig‘lamsiragan ovozini eshitadi. Biroq gaplarini durust uqmaydi. Otasi kirdi, tomoq qirdi. Endi u ham «Qizim...» deb gap boshlaydi...
    ...Kumush o‘lar chog‘ida qaynotasi kirar edi. Kumush, ahvoli og‘ir bo‘lsa ham bir qo‘zg‘olar edi. U esa qilt etmay yotibdi. U Kumushning taqdiriga yig‘lagan edi, unga kim yig‘laydi? Shu fikr Zaynabning xo‘rligini keltirdi. Kipriklari pirpirab, ko‘zlarida yosh qalqidi. Asadbek buni ko‘rdi. Birdaniga uning ham yig‘lagisi keldi. O‘zini nochor sezdi.
   «Bolang oldida qaddingni bukma! Hamisha adl tut. Hamisha dadil yur. Bolang seni yerparchin holda ko‘rmasin. Dardga taslim bo‘lganingni sezmasin. Seni hamisha kuchli deb bilsin va faxrlansin!» — mana shu aqidaga qattiq rioya qilib yashayotgan Asadbekda qaddini bukmoqqa moyillik sezildi. Beldan quvvat, oyoqdan mador ketganday tuyuldi. Ammo ojizlik hissi unga bir daqiqagina hukm o‘tkazdi. Bir daqiqadan so‘ng u asliga qaytdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:22:39
— Qizim...
Zaynab boshini burib, otasiga qaradi. Asadbek bu qarashda «Jamshid akamni nega o‘ldirdingiz?» degan savolni o‘qidi. Zaynab bu savolni tilga chiqarib so‘ragan taqdirida ham javob ololmas edi. Ko‘zlarda zuhurlangan savoldan qutulish oson — nigoh olib qochilsa kifoya. Asadbek shunday qildi.
— Qizim... o‘zingni tut. Hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi. Keyin yana Zaynabga qaradi.
— Nima yaxshi bo‘ladi? Jamshid akamni tiriltirish qo‘lingizdan keladimi? — deb savol berdi Zaynabning ko‘zlari.
Javob o‘rniga yana nigohini olib qochdi. Bu holda uzoq turolmasligini bilib, ohista burildi-da, uydan chiqdi.
    Zaynab otasining izidan qarab qoldi. «Hammasi yaxshi bo‘larmish... Bir odam bekordan-bekorga o‘lib ketdi. Endi nimasi yaxshi bo‘ladi? Ha, men o‘lmay qoldim. Bularga shunisi yaxshi bo‘ldi. Bir oz o‘zimga kelganimdan keyin erim olib ketadi. Vujudimizni yana soxta mehr niqobi bilan chirmab yashayveramiz. Keyin bola tug‘iladi... «Bola tug‘ilganidan keyin meni o‘ldiring», deyman. «Sizga xiyonat qildim», deyman. Yolg‘on gapiramanmi? Nima uchun yolg‘on gapirishim kerak? O‘ldirsin, debmi? O‘ldirarmikin? O‘ldira olarmikin? Mendan o‘lim qochdi...»
Oradan ko‘p o‘tmay hovlida Elchin ko‘rindi.
    Bu paytda Asadbek Kesakpolvon bilan katta xonada o‘tirar edi. Elchinni ko‘rib, Kesakpolvonga «chaqir uni» degan ma’noda qaradi. Kesakpolvon hovliga chiqqunicha Elchinni Manzura qarshilab Zaynab yotgan xonaga boshladi. Manzura ichkari kirmay ostonada qoldi. Shunda Kesakpolvon «Yanga!» deb chaqirdi. Manzura qarashi bilan «kuyovni bek chaqiryapti» degan ma’noda imladi. U xonaga qaytib kirganida Asadbek o‘rnidan turib olgan, qo‘llari orqasida, boshini sal eggan, qovog‘i esa uyulgan edi. «Kuyovini ko‘rib, fe’li aynidi-ku?» deb o‘yladi Kesakpolvon. Asadbek turib olgani uchun u ham joyiga borib o‘tirmadi. Elchin kelmasidan avval ham gaplari qovushmayotgan edi. Kesakpolvon Asadbekning fe’lini yaxshi bilgani uchun «nima bo‘ldi?» deb so‘rab o‘tirmadi. Yupatishga ham harakat qilmadi. U xo‘jasi boshiga savdo tushganini fahmladi. Bunday paytda uning yonida bo‘lmog‘i shart ekanini eslatish ortiqcha. Gap-gapga qovushmasa ham, umuman, gapirilmasa ham mayli, Asadbekning yonidan jilmaydi. Asadbek soqov bo‘lsa, u ham soqov, yursa yurar, o‘tirsa o‘tirardi. Asadbekning jahli chiqqanida yoki yuragi siqilganida Kesakpolvon o‘zini bilmaganga oladi. Xo‘jayinni gapga solib, ko‘nglini yumshatishga harakat qilmaydi. Asadbek qadrdon a’yonining bu qilig‘iga ko‘nikib qolgan, uning soyaga aylanib yurishi g‘ashini keltirmaydi. Hozir ham ko‘p yillar mobaynida shakllangan bu an’ana buzilmadi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:23:18
    Elchin kirib kelganida ular katta xona o‘rtasida tik turgan holda gaplashishardi. Elchin ostona hatlab salom berishi bilan Asadbek darg‘azab ko‘zlarini unga qadadi-da, ustiga tik bosib keldi. Salomiga alik bo‘lmadi. Faqat:
— Jamshidda nima qasdingiz bor edi?! — dedi titroq ovozda.
— Jamshidda? — Elchin Zaynabning gaplaridan ajablangan bo‘lsa, bu ayblovdan tamom gangidi. — Nima bo‘ldi o‘zi, hozir eshitdim.
Gapini tugatishga ulgurmasidan Asadbek uni giribonidan oldi.
— Jim yurgin, deganmidim? Qasosingni olgan eding-ku?
— Bek aka, avval gapimni eshiting. Hozir Farg‘onadan kelyapman, axir.
— Haydar, Shilimshiq qanday o‘ldirilganini ko‘rganmiding? — dedi Asadbek uni qo‘yib yubormay. — Ayt bunga, ko‘rganmiding?
— Ko‘rgandim.
— Jamshidni-chi?
— Ko‘rdim. Xuddi o‘sha daraxtga osib, haligisi kesib tashlanibdi.
    Asadbek Elchinning giribonidan qo‘lini oldi-yu, o‘sha zahoti jag‘iga musht tushirdi. Elchin gandiraklab ketdi. O‘zini o‘nglashga ulgurmay Kesakpolvonning tepkisini yedi. Asadbek g‘azab otiga minib tomosha ko‘rsatmayotgan edi. U Jamshidning o‘limida chindan ham Elchinni aybli deb topdi. Nazarida, Elchin daydib ketmay uyida o‘tirganida, xotiniga yaxshi qaraganida bu ko‘rgiliklar yo‘q edi...
    Kesakpolvon esa Asadbekning harakatini boshqacha tushundi: Asadbek aybni kuyoviga ag‘darib uning qo‘l-oyog‘iga kishan urib olmoqchi. Birga bo‘lganlaridan beri kimki Asadbekdan musht yesa, Kesakpolvonning tepkisidan ham bebahra qolmagan. Bu qiliq odat darajasidan chiqib, qonun martabasiga yetgan edi. Asadbekning qahridan cho‘chuvchi odam uning mushtidan emas, ko‘proq Kesakpolvonning tepkisidan qo‘rqardi. Hozir ham shu qonun kuchga kirdi. Kesakpolvon kaltafahmlik qilib, tepayotgan odami xo‘jasiga kuyov ekanini o‘ylamadi. Asadbek esa ro‘parasidagi odam kuyovi ekanini unutmagan edi. Yana tepishga chog‘langan Kesakpolvonni nari itardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:24:00
— Buni tepishga haqqing yo‘q!
Elchin tisarilib, devorga suyandi. Nafasi qaytdi.
— Qadamingni o‘ylab bos, bola, — dedi Asadbek, unga g‘azab bilan tikilib. — Endi sal nari-beri yuradigan bo‘lsang, Jamshidning orqasidan jo‘naysan. Endi ayab o‘tirmayman!
    Elchin bukchaygan holida tashqariga chiqib, ayvonda bir oz o‘tirdi. Manzura kuyovining ahvolini ko‘rib yaqinlashmoqchi bo‘ldi-yu, derazadan qarab turgan eriga ko‘zi tushib, jur’at etolmadi.
Asadbekning bergan tanbehi Kesakpolvonga yoqmadi.
— Ilgari bunaqa demas eding, — dedi gina bilan.
— U mening kuyovim. Haqqing yo‘q tepishga.
— Shu gapni uning oldida aytasanmi?
— Jirillama, senga kim qo‘yibdi nozu firoqni.
Kesakpolvon nojoiz gina qilganini tushunib, tarang vaziyatni yumshatish yo‘liga o‘tdi.
— Uning bo‘yniga ilib yaxshi qilding. Endi o‘pkasini bosib oladi.
— Aqling yetmagan ishlarga aralashma.
    Kesakpolvon indamadi. Bunaqa paytda Asadbekka Chuvrindini ro‘para qilish kerak. U xo‘jasini g‘azab otidan avaylab tushirib oladi. Ba’zan Asadbekning o‘zi bu otdan qanday tushganini bilmay ham qoladi.

________________
* M a ‘ n o s i  b u d i r: Kimiki o‘z nafsini xor tutsa, Xudo uning qadrini  oshiradi. Kimiki o‘z nafsini izzat qilsa, Xudo bandalar oldida uni xor qiladi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:25:36
2

    Qoringa bexos tushgan tepkining zarbi har nafas olganida o‘z kuchini ko‘rsatadi — og‘riq zo‘rayib, joni tanasini tashlab qochishga ham tayyor bo‘lib qoladi. Qamoqda ekanida, «O‘qilon»ning amri yetib bormay, zo‘rlardan bir-ikki tepki yegan, ammo bunchalik azob chekmagan edi. Bunisi kutilmaganda bo‘lgani uchunmi yo zarba benihoya kuchli edimi, harholda bukchaytirib qo‘ydi. Og‘riq zabtiga olardi, u hatto «biron yerim uzilib tushdi shekilli, hademay qon qusib o‘lsam-a?» deb ham o‘yladi. Bu fikr oriyatni uyg‘otdi. Oriyat tan azobidan kuchlilik qilib, ayvonda ko‘p o‘tirishga qo‘ymadi. O‘rnidan turdi. Qaddini ko‘tarishga harakat qildi. «O‘ladigan bo‘lsam ham shu yerda, shularning oldida o‘lmay. Azob chekib, jon berayotganimni ko‘rishmasin. Undan ko‘ra ko‘chada itday xor bo‘lib o‘lganim yaxshi...» Elchin shu fikrda dadil yurmoqqa intildi. Hatto boloxonada o‘g‘rincha qarab o‘tirgan yigitlarga qarab, jilmayib ham qo‘ydi. Ko‘chaga chiqib o‘ttiz qadamcha yurgach, orqasiga qaradi. Hech kim kuzatmayotganiga ishonch hosil qilgach, daraxtga suyanib, tin oldi. So‘ng qaddini bir oz eggan holda yana yurib ketdi. Ellik qadamlar yurgach, og‘riq kuchaydi, ko‘ngli aynidi. To‘xtadi. Devorga suyanib o‘tirdi. «Boshlanyaptimi? Jon talvasasi shu bo‘lsa kerak. Chiqib ketganim yaxshi bo‘ldi. Ancha yurib qo‘ydim shekilli?..» U kelgan yo‘liga qaradi. Shunda Asadbekning darvozasidan bir yigit chiqqanini ko‘rdi. Yigit yon-atrofga alanglab oldi-da, mashinaga o‘tirdi. «Arining uyasi buzilibdi-ku, kim cho‘p suqibdi?» deb o‘yladi u. Xayolidagi bu savolga javob topmay turib ro‘parasida mashina to‘xtadi. Haydovchi yigit o‘tirgan yerida cho‘zilib, yon eshikni ochdi-da:  «Akaxon, o‘tiring», dedi. «Menga rahm qildilarmi? — deb g‘ijindi Elchin. — Mehribonchiligingni onangga qil... he...» U o‘rnidan turib, yura boshladi. Yigit uning qadam olishiga moslab mashinani sekin yurg‘izdi. Mashina eshigini yopmadi.  «O‘tiring», deb boshqa lutf ham qilmadi. Elchin bu tomosha atrofdagilar uchun kulgi bo‘larini anglab, to‘xtadi. Yigitni so‘kmoqchi edi, o‘zini tiydi. «Bunda nima ayb? Unga buyurishgan. «Olib borib qo‘y», deyishgan. Olib borib qo‘yadi. «O‘ldirib kel», deyishgan bo‘lsa, o‘ldirib keladi. Bir jihatdan shunisi ham durust — mushkulimni oson qiladi». Shu fikrda mashinaga o‘tirdi. Yigit «Qayoqqa olib borib qo‘yay», deb so‘rab ham o‘tirmadi. Hatto «Baribir o‘tirar ekansan, noz qilishing nimasi edi», degan ma’noda qarab ham qo‘ymadi. «Bu sodiq laychalarning hammasi kamgap-a?» deb o‘yladi Elchin. U o‘rindiqqa yastanib o‘tirib, chuqur-chuqur nafas oldi. Og‘riq bir oz pasayganday, tepki zarbidan go‘yo bir-biriga chirmashib tarang tortilib qolgan ichaklari bo‘shashganday tuyuldi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:26:41
    Og‘riq chekinishi bilan fikri tiniqlasha boshladi. Xayoliga yangi yil kechasi keldi. Eshikning qiya ochilishi... Jingalak sochli yigit... Salom-alik yo‘q, «siz falonchimisiz?» deyish yo‘q. «Sizni Bek aka chaqiryaptilar», deb mashinasi tomon yurgan edi. Elchin o‘shanda ham yarim soat-bir soatdan so‘ng tirik qaytadimi yo murdasi ko‘chaga, qaysi bir axlatxonaga olib chiqib tashlanadimi, bilmas edi. Hozir ham bilmaydi. Yigit yo‘ldan ko‘zini uzmagani holda labiga sigaret qistirib, tutatdi. Dimog‘iga tutun urilib, Elchinning ham chekkisi keldi.
— Chakishdan ol! — dedi buyruq ohangida. Bu ohangdan o‘zi ham taajjublandi. «Hechqisi yo‘q, buyruq qilishga haqqing bor. Sen xo‘jayinning kuyovisan», deb taskin berdi ichki bir ovoz. Shu onning o‘zida boshqa bir ovoz qitmirlik bilan «o‘limga mahkum etilgan kuyovsan», deb qo‘ydi. Elchin past ovozda buyurdimi yo shovqinda eshitmadimi, yo o‘zini eshitmaganga soldimi yo «sening buyrug‘ing menga o‘tmaydi» dedimi, harholda sigaret uzatmadi.
— Chakishdan ol! — deb buyurdi Elchin balandroq ovozda.
    Yigit endi uzr ma’nosida qarab olar, deb kutgan edi. Yo‘q, qaramadi. Indamay sigaret qutisini uzatdi. Yangi yil kechasi ham shunday bo‘lgan edi. Elchinning «Chaksam maylimi?» degan savoliga Jamshid yo‘ldan ko‘zini uzmagan holda sovuqqina qilib «Ha» deb qo‘ygan edi. «Uni kim o‘ldirgan ekan? — deb o‘yladi Elchin. — O‘ldirish niyatim borligini Asadbek qayoqdan bildi? Yo taxmin qildimi?» Elchin Asadbekning niyatini anglamas edi. Birgina u emas, boshqalar ham ko‘pincha g‘aflatda qolishardi. Agar maqsadi barcha uchun ochiq-oydin bo‘lsa, uning O‘qilonligi qayda qoldi? «Nima uchun mendan gumon qiladi? Mensiz ham bir-birlarini o‘ldirib yurishibdi-ku?» Asadbekning odamlarini yaqin yillar ichi birov chertishga ham jur’at etolmayotganini bilmagani uchun ham Elchin shu fikrga bordi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:27:49
— Bular jinni bo‘lib qolgan... — xayoliga kelgan gapni beixtiyor ovoz chiqarib aytdi. Yigit bu gapni eshitib, qarab qo‘yganday bo‘ldi. Elchinning yana qitmirligi tutdi.
— Akalaring jinni bo‘lib qolishibdi.
Bu gapni aytishga aytdi-yu, yigit bexos tarsaki tortib yuborarmikin, deb kutdi. Yigit hatto qarab ham qo‘ymadi. «Ha... o‘zim jinniman... Bulardan o‘chimni olgunimcha jinni bo‘laman, shekilli...»
    Mashina ko‘chasiga burilgach, «Demak, o‘ldirish haqida buyruq olmabdi», deb o‘yladi. Yashirin qitmir ovoz esa «uyingda o‘ldirib ketsa-chi? Xuddi Noilangga o‘xshab...» dedi. Mashina darvozasi ro‘parasida to‘xtadi. Yigit «tushing» ham demadi, «keldik» ham demadi. Elchinning qitmirligi tutib o‘tiraverdi. Keyin: «Bu bola bilan pachakilashganimdan nima foyda?» deb o‘ylab, mashinadan tushdi. U eshikni yopishga ham ulgurmay mashina xuddi poygaga shoshilganday shasht bilan qo‘zg‘oldi.
    Elchin darvozaga yaqinlashib, kalit soladigan yerga qistirilgan qog‘ozni ko‘rdi. «Shumtakalarning qilig‘i», deb o‘ylab, qog‘ozni oldi. Qog‘oz hafsala bilan naycha kabi o‘ralganidan fahmladiki, bu bolalar ishi emas. Qog‘ozni ochib, chap tomonga qiyshaytiribroq yozilgan harflarni tanib, jilmayib qo‘ydi.
    «Akobiru otarchi, al hofizu habibul Asadbek!
    «Al muridu yatlubu val murdu yahrabu». Ya’nikim, xohlovchi qidiradi, murod esa qochadi, deganlaridek, kamina poyi qadamingiz yetgan tufroqni ko‘zga surtgali kelib, muborak ostonangizni ko‘z yoshlarim bilan sug‘orgumdir, toki bul tufroqda mehr chechaklari ung‘ay.

B a y t:
Ko‘payishib qolganmish to‘ylaringiz,
Pulga to‘lib qolgandir cho‘ntagingiz.
Begingizdan izn tekkan mahallarda,
Biz ham ko‘rib qolaylik bo‘ylaringiz.
Adoyi Anvaringiz».

Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:29:28
    Bu satrlarni o‘qigach, uning chehrasi ochildi. «Kayfiyati yaxshi ekan, shoirning», deb qo‘ydi. Do‘stini ko‘rgisi keldi. Shunday tuyg‘u unda qamoqdan qutulib qaytgan kuni uyg‘ongan, do‘stining jinnixonada ekanini bilgach esa, yurak-bag‘ri ezilib ketgan edi. Unda ko‘rgisi kelgan, ammo borib ko‘rish imkoni yo‘q edi. Hozir ham ko‘rgisi kelyapti, imkoniyati ham bor. Ammo borishni istamadi. «Yana ixrab-sixrab o‘tirmay, kechroq borarman», degan qarorga kelib, uyiga kirdi-da, divanga cho‘zildi.
    Ertaklarda makoniga uchib kelgan dev yoki ajdaho «Uf-f... odam isi kelyapti!» deb chaqirilmagan mehmonni izlashga tushadi. Agar odam bolasida ham shunday is bilish qobiliyati bo‘lganida Elchin bundan bir necha kun ilgari bu xonaga Jamshidning kirib chiqqanini sezardi. Mana shu ostonani hatlab o‘tishi ajal eshigini qoqish bilan barobar bo‘lganini bilardi. Zaynabning ko‘z yoshlari to‘kkanini anglardi. Balki Jamshidning «Sen uchun men o‘ch olaman... Qasam ichaman... Agar seni himoya qiladigan erkak zoti qirilib bitsa, o‘zing o‘ch olasan...» degani ham qandaydir sehrli yo‘llar bilan ayon etilarmidi...
    Shu divandan uch qadamgina narida Jamshid turgan edi. Qasam ichganidan keyin Zaynab uning bo‘ynidan quchib, o‘pib qo‘ygan edi... Alhol ertak boshqa, hayot boshqa. Inson sezgilari esa chegaralangan.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:30:05
    Elchin divanga cho‘zilib, bitta yostiqni qorniga bosdi. Shu foyda qildimi, har nechuk og‘riq nari chekindi. Badani orom ola boshlagach, fikrlari yanada tiniqlasha bordi. Hali mashinada ekanida uyg‘ongan o‘ylari yana xayolini band eta boshladi. «Jamshid... Jamshid... qanday haromxo‘r edi u, — deb o‘yladi. Garchi marhumlar haqida yomon gap aytish durust emasligini bilsa-da, uni yaxshi so‘z bilan eslashni lozim topmadi. — Haromxo‘r edi u, ha, iflos edi, ablah edi. Qaysi ablah o‘ldirdi uni, qaysi ablah meni lazzatdan mahrum qildi? Men uning qonini ichgim bor edi. Shunda qasos chanqog‘i oz bo‘lsa-da, bosilardi. Endi-chi? Endi navbat Asadbekkami? Ha!» U hoziroq borib Asadbekni o‘ldirmoqqa qasd etganday qaddini ko‘tardi. Biroq o‘rnidan turmadi. Yostiqni quchoqlaganicha o‘tiraverdi. Xayoli esa uni shoshirib qo‘ydi. «Shilimshiqning gapi to‘g‘rimi? Jamshid ham kirganmidi bu uyga? Zaynabning gapi-chi? Nahot? Kelib-kelib shu isqirtni yaxshi ko‘radimi? O‘shani deb o‘zini osadimi? Otasini o‘ldirsam-chi? Otasini o‘ldirganimda o‘zini osarmidi? Yo‘-o‘q... Hali shu paytgacha hech kim otasining o‘limidan kuyib o‘zini osmagan. U esa o‘sha hayvonning izidan bormoqchi bo‘libdi!...» Elchin jahl bilan yostiqni chetga uloqtirdi-da, o‘rnidan turib ketdi. Deraza oldiga borib hovliga qaradi. Sada bo‘lib qolay degan rayhonlar so‘libdi.  Suvsizlik azobiga, quyoshning o‘tli tig‘iga bardosh bera olmabdi. Kirayotganida buni sezmagan edi. Nechukdir u hozir o‘zini shu sadarayhonday his etdi. Uning ko‘ngli, nainki ko‘ngli, ruhi ham so‘ligan. Rayhonga-ku suv quyilsa darrov jon kirar. So‘ligan ruhga, ko‘ngilga davo bormi? Ilgari qonining har tomchisida muhabbat bor edi. Bu tomchilar Noilaning o‘limidan so‘ng chak-chak tomib ado bo‘ldi. Uning o‘rnini esa adovatning zaharli tomchilari egalladi. Shilimshiqning gapidan so‘ng bu tomchilar tomirlarda ko‘pira ketgan edi. Bugun esa yanada qizidi, yanada qudrat kasb etdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:30:46
    Jamshidning o‘limi... Zaynabning o‘zini osishi... Asadbekning qahri... Elchin bu uch voqeani bog‘lab turuvchi ko‘rinmas zanjir mavjudligini his etib turar, ammo har qancha o‘ylamasin, fikri haqiqat oldida ojiz qolar edi. «Jamshidni qizi bilan ayb ustida ushlab, o‘ldirtirib yubordi», degan gumon nechundir shu tobda xayoliga kelmasdi.
    «Zaynab rost aytdimi? — deb o‘yladi u. — Bu gap yolg‘on bo‘lsa ham, jahl ustida aytilgan bo‘lsa ham baribir — dilni yaraladi. Bu dil yarasiga esa chora yo‘q. Bir-ikki kundan keyin u yana shu uyga keladimi? Shu uyga harom qadamini bosadimi? Aslida shu uyning xosiyati qolmabdi. Qamoqdan kelishim bilan sotib yuborsam bo‘lar ekan...»
    Odam bolasi boshiga kulfat tushguday bo‘lsa, xayolga berilib «bu kulfat bulutini kim yubordi-yu, kim tashvish yomg‘irini yog‘dirdi», deb o‘ylay boshlaydi. U hech qachon «men shu fe’lim yoinki harakatim tufayli kulfat bulutini o‘zim chaqirdim», demaydi. Mana hozir Elchin ham uyda xosiyat yo‘q, degan qarorga kelib turibdi. Bilmaydiki, uydan xosiyatni o‘zi quvib chiqardi. Unga «Zaynabni ayblama, u bokira edi, gunohkor sensan, tug‘ilajak bola valadi zinodir va uning gunohi ham sening bo‘yningda» deyilsa, aybni zinhor bo‘yniga olmas, «Men Noilam uchun qasos oldim», der. U g‘ofil banda bilmaski, al qasosul minal Haq — qasos yolg‘iz Haqdandir, bandaning qasos olmoqqa huquqi yo‘qdir. Mashoyixlardan biri «Dunyo shaytonning do‘konidir, undan biron nima o‘g‘irlamaki, shayton uni qaytarib olishga kelib, dodingni bermasin», degan ekan. Bu ne baxti qaroliqki, Elchin shayton-ning do‘konidan ko‘p narsa olib qo‘ydi. Endi har bir o‘g‘irligi uchun dodini yer. Endi arzini kimga aytadi? Uning arzini kim eshitar ekan?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:32:00
3

    Manzura eshikdan uzoqlashmagani uchun qizining gaplarini eshitdi. Eshitdi-yu, «voy sho‘rginam qursi-in...» deb labini tishladi. Yuragi uzilib tushganday bo‘ldi. «Voy qizim-a, aytmasang bo‘lardi», deb qiziga xayolan tanbeh berdi. Elchin katta xonadan bukchayib chiqib, ayvonda o‘tirib qolgach, yuragida bir nima uzilganday bo‘ldi. Badaniga muz yugurdi. Kuyoviga qaramoqchi edi, erining qahrli nigohi yo‘ldan qaytardi. Shu nigoh bo‘lmaganida Zaynab-ning gaplari yolg‘on ekaniga kuyovini ishontirarmidi... Isnod... Isnod... Endi qanday hayot kechiradi? Ko‘pni ko‘rgan bu odam isnodga ko‘nikib ketarmikin? Xudo qizidan omonatini olmadi. Lekin uni tirik murdaga aylantirib qo‘ymadimikin?
    Shu xayol bilan uyga kirdi. Qiziga mo‘ltillab qarab turdi-da, nima maqsadda kirganini eslay olmay, iziga qaytmoqchi bo‘ldi. Ostona hatlashga ulgurmay, Zaynabning ovozini eshitib, to‘xtadi:
— Oyi, hadeb kirib-chiqavermang. Qo‘rqmang, endi o‘zimni o‘ldirmayman. Bola... — u nima uchundir «bolam» deya olmadi, — bola... yashashi kerak ekan. U tug‘ilgunicha...
— Voy, bolam, — deb uning gapini bo‘ldi Manzura. — Xudo xohlasa...
Zaynab uni gapirtirmadi.
— Undan keyin nima bo‘ladi — Xudo biladi. Nima bo‘lishini o‘zim ham bilmayman, siz ham bilmaysiz, hatto adam ham bilmaydilar.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:33:26
— Voy bolam-ey... Qo‘y, bu o‘ylaringni.
— Kuyovingiz ketdimi?
— Ha. Qizim... haligi gapni bekor aytding.
— Bekor aytmadim, bilib aytdim.
— Unday dema, bolam, nahotki sen...
— Yo‘q, oyi, gapim yolg‘on edi. Men unaqa emasman. Ammo u shunday deb o‘ylasin. O‘ylab ezilsin, siqilib sil bo‘lsin, sil bo‘lib...
— Qo‘y, qizim, birovga yomonlik tilama. Gunohi bo‘lsa Xudoning o‘zi jazolaydi.
— Xudo jazolagunicha...
    Zaynab gapining davomini ichiga yutdi. Onasining mo‘ltillab turgan ko‘zlarini ko‘rib, noo‘rin, foydasiz gaplarni ayta boshlaganini fahmladi. Onasiga achindi. O‘zini osayotganida onasini o‘ylamagan edi. «Onam bechora bu kulfatga chiday olmay yurak-bag‘ri kuyib ado bo‘ladi», demagan edi. Hushi o‘ziga kelganidan keyin ham onasining taqdirini o‘ylamagandi. «Xudo uni jazolagunicha men o‘lib bo‘laman», deyishga og‘iz juftlagandagina onasining g‘aribona ko‘rinishi uni sergak tortishga majbur etdi.
    Manzura qizining nima demoqchi ekanini angladi. Birdan yig‘lagisi keldi. Qizi o‘zini osganidan beri ahvol shu. Yig‘i bosib keladi, kimningdir yelkasiga bosh qo‘yib ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lashni istaydi. Hasrat qilmoqni, dardini aytmoqni xohlaydi. Ammo yig‘lolmaydi, yig‘ini kuch bilan qaytaradi. Xo‘rsinib qo‘yadi. Biroq, bu xo‘rsinish dardini yengillatishga ojiz. Bu mushtipar biladiki, quvonchni baham ko‘rish uchun sherik axtarish shart emas. Birovning quvonchidan bahramand bo‘lish ishqibozlari yetarlidir. Qayg‘uga esa hech kim sherik bo‘lishni istamaydi. Hammaning o‘z tashvishi bor. Birovnikini boshiga uradimi?!
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:34:02
    Hozir Manzura hamdardi bo‘lmagani uchun xo‘rsinmadi. Yig‘lashga majbur etayotgan kuch ham boshqa. Manzura eri bilan gaplashganida Xudoni tilga olishga qo‘rqadi. Sababki, Asadbek o‘z a’yonlariga qanday qo‘rs muomala qilsa, Xudo tilga olinganida shunday bepisand bo‘lardi. Xudodan qo‘rqish, degan tushuncha unga yot edi. Eri masjid qurdira boshlaganida u biram quvondi, biram quvondi. «Erimga insofu tavfiq berganing rost bo‘lsin», deb Yaratganga shukrlar qildi. Biroq Asadbek fe’lining o‘zgarishsiz qolayotganidan ajablandi. Bir kuni Asadbek nimadir deganida Manzura «Xudo xohlasa, adasi», dedi. Asadbekning kayfiyati chatoq edi, bu javobdan jahli chiqib: «Huda-behudaga Xudoni o‘rtaga solaverma. Xudoning sendan boshqa tashvishi yo‘qmi?» deb jerkidi. Manzura qo‘rqibgina: «Unaqa demang, adasi, Xudodan qo‘rqing», deb yana baloga qoldi. «Xudodan qo‘rqib bo‘lganman. Xudo menga atalgan yomonlikni berib bo‘lgan. Men yomon ekanmanmi, bunga Xudoning o‘zi aybdor. Men ham odamlarga o‘xshab ota-onamning bag‘rida yashaganimda bunaqa bo‘lmasdim. Mehrga zor holda o‘stirib, endi mendan mehr talab qiladimi?» Asadbek o‘shanda yana allaqancha gaplarni aytib yubordi. Manzura o‘sha tun uxlamay, bilganicha tavba qildi. Erini kechirishini so‘rab Yaratganga yolbordi. U ibodat qilishni bilmas edi. Uning bolalik xotirasiga muhrlangan o‘gitlardan biri shuki, Xudodan qo‘rqmoq kerak. Hamisha tavbada bo‘lmoq zarur.
    Eri-ku, eri, Xudoni tilga olsa bolalari ham bepisandlik bilan tinglashadi. Ba’zan esa otalari kabi ters javob qaytarishadi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Xudodan insof tiladi. Yig‘ini bosdi. Qiziga bir oz tikilib turdi-da, tashqariga chiqdi. Ishining unumi ham, tayini ham yo‘q edi. Bir necha daqiqa hovlida, oshxonada ivirsib yurdi-da, qizining tanbehini unutib, yana uyga kirdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:34:32
    Zaynab bu safar onasiga indamadi. Onasiga achingan ondan unda pushaymonlik tuyg‘usi ham uyg‘ona boshlagan edi. Avval aytgan gapidan pushaymon bo‘ldi. So‘ngroq esa o‘zini osganidan afsuslandi. Onasi bir necha nafasga kechikkanidami, u hozir lahadda yotgan bo‘larmidi... Shu gap xayoliga kelishi bilan badaniga muz yugurdi. Qaysi bir kitobda o‘qib edi: odam o‘zining lahadda yotishini o‘ylasa, qo‘rquvdan tiligacha terlab ketarkan. Zaynab hozir shu holga tushdi. O‘zini osayotgan mahalida qo‘rqmagan edi. Nechun endi qo‘rqyapti? U-ku, qorong‘i go‘rida yotardi. Onasi-chi? Bu yorug‘ dunyo uning uchun zulmatga, bu hovli esa do‘zax qozoniga aylanmasmidi? Zaynabning ruhi bu xonadonga uchib kelganida onasining ahvolini ko‘rib, zor-zor qaqshamasmi edi? Shularni o‘ylab, ko‘ziga yosh keldi. Yangi yil arafasida o‘g‘irlashganida, zo‘rlashganida ham joniga qasd qilmoqni mo‘ljallagan edi. Orzulari poymol etilgach, bu dunyoda yashamoqdan ma’no ko‘rmay qolgandi. Necha kun o‘zimni ossammi, zahar ichsammi, yoqsammi... degan xayollarga bandi bo‘lib yurdi. Endi bir to‘xtamga kelganida ko‘z oldida sochlarini yulib yig‘layotgan onasi gavdalanib uni bu yo‘ldan qaytarardi. Kechagi kun nechukdir shunday bo‘lmadi...
Kechqurun yarim kosa mastavani onasining qistovi bilan ichgach, badaniga issiqlik yugurdi. Ona-bola bir oz gaplashib o‘tirishdi. Keyin Manzura deraza tomonga o‘rin soldi.
— Oyi, joyingizga chiqib yotavering, mendan xavotir olmang, — dedi Zaynab.
    Manzura unga javob bermadi. Chiroqni o‘chirmadi. Ustidagi ko‘ylakni ham yechmay, o‘rniga omonat cho‘zildi. Qizi go‘daklik chog‘ida, uni uxlatib, so‘ng yumushlarini bajarish uchun shunday yotardi. Zaynab onasining sekin chiqib ketayotganini ba’zan sezardi, ammo uyqu kuchlilik qilib o‘rnidan jilmasdi...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:35:05
    Manzura yarim tunda qizining g‘alati ovozidan cho‘chib uyg‘ondi. Zaynab bezgak tutganday titrab, xirillardi. Manzura shoshib turib uning peshonasiga kaftini qo‘ydi. Kaftiga tekkan muzdek terdan seskandi.
— Jon qizim, nima bo‘ldi?
— Bilmayman... hammayog‘im og‘riyapti. Belim...
    Manzura qizining qo‘l-oyoqlarini uqalagan bo‘ldi. Ustiga yana bir ko‘rpa tashladi. So‘ng chiqib, Asadbekni uyg‘otdi.
— Do‘xtir chaqirmasangiz bo‘lmaydi. Xotin do‘xtir chaqiring.
    Asadbek hovliga chiqishi bilan boloxonadagi yigit derazadan qaradi. Asadbek qo‘li bilan imlagach, bir necha soniyada qarshisida paydo bo‘ldi.
— Do‘xtir topib kel. Xotin do‘xtir bo‘lsin. Mahmud akangni top.
Shunday dedi-yu, burilib, qizi yotgan xona tomon yurdi.
    Zaynab belida og‘riqni kunduzi sezgan edi. Lekin og‘riq bosilib qolar, deb o‘ylab, onasiga aytmadi. Kechqurun onasi yotgach, u ham uxlaganday bo‘ldi. Ko‘zi uyquda, ayni choqda, shitir etgan tovushni eshitadigan darajada sergak edi. Ozgina muddatli uyqusida tush ham ko‘rdi: bir o‘rmonda adashib yurganmish. Bir mahal itmi yo bo‘rimi, ajrata olmadi, ro‘parasida paydo bo‘libdi. Nimadir yeyayotgan emish. Yaqinroq borib qarasa... chaqaloq emish... Shunda qo‘rqib uyg‘ondi. Shunda og‘riq ham kuchaydi. Vujudini titroq ixti-yoriga berdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:36:29
III  b o b

1

    Zelixon hushiga kelib, o‘zini Yigitalining ayvonida ko‘rdi. Uni bir qavat ko‘rpacha ustiga yotqizishgan, boshiga yostiq qo‘yish hech kimning esiga kelmagan edi. Bu kutilmagan ofat barchaning esini teskari qilib tashlagandi. Ismoilbey ayvon panjarasiga suyanib, nimalardir deb pichirlardi. Ahadbey Zelixonning yaqinida o‘tirardi. Uning xotini, bolalari ichkarida, qo‘rquvdan dir-dir titrashardi. Qo‘rquv shu darajada qudrat kasb etgan ediki, bunday paytda yig‘lash mumkin ekanini ham kishi yodidan surib chiqardi. Atrofni go‘yo tuman qoplagan — hammayoq qop-qora achimsiq tutun bag‘rida edi. Nafas olish og‘irlashgan, kattayu kichik ko‘zlari yoshlanib, dam-badam yo‘talib qo‘yar, shu yo‘talgina ularda jon mavjud ekanidan dalolat berar edi.
    Zelixon qaddini ko‘tardi. Ahadbey «tuzukmisan?» degan ma’noda qarab qo‘ydi. Uning gapirmoqqa holi yo‘q edi. Zelixon o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi — boshi aylanib ayvon ustunini ushladi-da, joyiga o‘tirdi. Ro‘paradagi uy, Ismoilbeyning omonat Vatani yonar edi. Dastlab shu yer berilib, bir bostirma solib ko‘chib kirganida «Shu uy bizning omonat Vatanimiz, Xudo hohlasa, kattalarga insof bersa, Mesxetiyamizga ketamiz» degan edi. Ahadbeyning ikki singlisi shu bostirmada tug‘ildi, shu bostirmada jon berdi. So‘ng onasi... Yillar o‘taverdi. Omonat bostirma yoniga kengroq xonalar qurildi. Kelin tushdi... Ismoilbey ham, uning tengqurlari ham Mesxetiyaga yo‘l yo‘q ekaniga ishona boshlashgan edi. Demokratiya degan gap chiqdiyu yana umid chirog‘i yonganday bo‘ldi. (Ana shu umid chirog‘ining oxir-oqibat uylarga o‘t qo‘yajagini kim o‘ylabdi?) Yuragida o‘ti borlar Moskvaga qatnay boshlashdi. Ko‘pchilik Vataniga qaytajagiga ishonardi. Ular ertakdagi adolatga ishonuvchi go‘dak holiga tushgandilar. Ismoilbeyga esa bularning bari xatarli o‘yinday bo‘lib tuyulardi. U davlat yuritish sinoatidan bexabar, lekin Mesxetiyadan quvg‘in bo‘lishlari uzoqni ko‘zlab qilingan siyosat ekanini sezib turardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:38:37
    Urush tugaganidan beri qancha rahbar kelib-ketdi. Yurg‘izgan siyosatlarining oyog‘i osmondan bo‘ldi, lekin vatangadolar taqdirini birontasi o‘ylamadi. Oqibat esa mana bu: Vatanidan ajralgan bechoralarning omonat Vatani ham yonyapti! Bor mol-mulklariga qo‘shilib umidlari ham yonyapti. Kechagina bu xonadonda to‘y gulxani yoqilmog‘i lozim edi, bugun ajal alangasi yayrab quloch otadi. Bir sidra kiyim bilan qolgan bu odamlar jonlari hozircha o‘zlarinikimi yo bu omonatni ham egasiga hademay topshiradilarmi, bilishmaydi.
    Zelixonning qulog‘iga olomonning shovqini kirmadi. U avvaliga karaxtman, deb o‘yladi. Boshini silkidi, barmog‘i bilan qulog‘ini uqaladi. Keyin ayvon zinasida tik turgan Yigitaliga qarab:
— Odamlar jimib qoldimi? — deb so‘radi.
— Qaysi odamlarni aytasiz? Haligilarmi? Ular odammidi? — dedi Yigitali yonayotgan uylardan ko‘z uzmay. — Bunaqasini ko‘rmaganman. Selday kelib, selday ketishdi.
— Qayoqqa ketishdi?
— Bilmadim. Tushunmadim, birodar, men hech narsaga tushunmadim, — Yigitali shunday deb o‘girildi. Zelixon uning yuzi shilinib, qontalash bo‘lib qolganini ko‘rdi.
    Bu ko‘chaga faqat yong‘in hukmron emas ekan, fig‘onning ham haqqi bor ekan. Olomon bu ko‘chadan nari ketgach, jon talvasasida o‘tirganlar nimaga giriftor bo‘lganlarini anglab, ko‘rayotganlari tush emasligiga ishondilar. Ana shunda bir-birlarini qidirish, yo‘qlash boshlandi. Ana shunda dastlabki nola eshitildi. Nolaga nola ulanib, birpasda atrofni qiy-chuv bosdi. Bir necha daqiqa ilgari yovuzlik nafasi kelib turgan shovqin o‘rnini yaralangan qalblarning nolasi tutdi. Ismoilbeyga o‘xshaganlar Ollohga munojot etib «Gunohimiz ne edi, bizga bu ofatni ravo ko‘rding? Endi rahm qil. Parvardigorim, o‘z panohingda asra, shayton vasvasasiga tushganlarga insof ber», deb yolborsa, boshqalar og‘izlariga qanday gap, qanday qarg‘ish kelsa, qaytarmay baqirib, faryod urishardi. Kulfat millat tanlamaydi, odamlarni ajratib o‘tirmaydi. Ustiga sholcha yoki to‘n yopib, yoki suv sepib o‘chirilgan murdalar atrofida turk ham, o‘zbek ham, tatar ham baravar yig‘lardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:39:11
    Zelixonning diqqatini hovlidagi odam tortdi. Boshqalarga nisbatan ko‘rkamroq solingan bu uy egasi kranga rezina ichak ulab, o‘tni o‘chirmoqchi bo‘lardi. Suv tashna sahro bag‘riga singganday yo‘q bo‘ladi, alanga derazalardan olov tillarini chiqarib uni kalaka qiladi. «Mol achchig‘i ham yomon», deb o‘yladi Zelixon, so‘ng xayoliga «Ichkarida bola bo‘lsa-chi?» degan fikr urilib, hovliga otildi.
— Odam bormi? — deb so‘radi uy egasidan. Uy egasi uning savoliga tushunmadi. Zelixon gapini qaytargach, bosh irg‘ab «yo‘-o‘q» dedi. Zelixon uni bo‘ralab so‘kdi-da, iziga qaytdi.
— Orqadoshlar! Haqiqat bormi bu dunyoda?! Yuringlar, obkomga boramiz! Arz qilamiz!
Zelixon ko‘chaning o‘rtasida turib olib arzga da’vat etayotgan odamni tanimadi. Ismoilbey unga qarab bosh chayqab «nodon» deb qo‘ydi. Da’vatchi yana to‘planishga chorladi. Uning gaplari ta’sir qilib, nochor odamlar to‘plana boshlashdi.
— U ham Moskovga borgan edi, — deb izoh berdi Ahadbey.
    Zelixon bir do‘stiga, bir uning otasiga, bir xotini, bolalariga qaraydi. Xotini bilan bolalari yonayotgan uylariga mo‘ltillab qarab turishibdi. Ismoilbey ko‘chaga chiqqach, uyiga bir qaraganicha boshqa qaramadi. Ahadbey dam-badam o‘girilib qaraydi. Har- holda suyunchli, qayg‘uli kunlari kechgan uy, omonat bo‘lsa ham Vatani edi.
    Ofatdan qutulish yo‘lini bilmay turganlarga da’vatchining gaplari ta’sir qilib, hamma arzga bormoqqa shaylandi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:39:26
— Onangni qozi ursa, dodingni kimga aytasan? — dedi Zelixon.
— Bu nima deganing? — ajablandi Ahadbey.
— Bu ofat qaysi g‘ordan chiqqaniga hali ham tushunmadingmi?
— Fedyani aytasanmi?
— Fedya nima? Fedya isqirt bir tomchi. Qolganini keyin tushunib olasan.
— Qayoqqa boraylik bo‘lmasa, bilsang o‘zing ayt.
— Men o‘g‘riman, donishmand emasman. Mendan qochganlar milisaga borishlarini bilaman. Iblisdan qochib qayga borish kerakligini bilmayman.
— Iblisdan qochib Ollohning panohiga boriladi, — dedi Ismoilbey ularning bahsiga yakun yasab.
— Orqadoshlar! Murdalarni olingiz! Ko‘rishsin rahbarlar! — deb qichqirdi da’vatchi.
Shu onda ko‘chaning muyulishida paydo bo‘lgan yigit barchaning e’tiborini tortdi. Og‘zi-burni qon, ust-boshi yirtilgan bu yigitga qaragan odam uning ofat changalidan bir mo‘’jiza tufayli omon qolganini fahmlardi.
— Zuhur-ku? — dedi Ahadbey, — mashhur bokschi yigitimiz...
Yigit uzoq yo‘lni yugurib bosgani uchunmi, hansirardi. Olomonga yaqinlashib, bir qo‘lini ko‘tardi, so‘ng tizzalab qoldi.
— Bo‘linglar! — dedi u. — Bo‘linglar! Qochinglar! Olomon bosib kelyapti!
— Qanaqa olomon? — deb so‘radi da’vatchi.
— Bilmayman... Shaharda, hammayoqda mish-mish. «Turklar o‘zbeklarni o‘ldirayotganmish, turklar avtomat bilan qurollanganmish... Turklar bog‘cha bolalarini olovda yoqishibdi...» O‘zbeklar ishonishyapti shu gaplarga. Yoshlar qasosga chorlayapti...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:40:49
— Astag‘firulloh! — deb yubordi Ismoilbey.
— Berkinish kerak, — dedi Zelixon Yigitaliga qarab.
— Uyga kiraylik, — dedi Yigitali.
— Yo‘q, — dedi Ahadbey. — Qasosga chorlashayotgan bo‘lishsa, yomon. Qochish kerak.
— Qochish?..
Qochish kerakligini hamma bilardi. Lekin «qayoqqa?» degan savolga hech kim tayinli javob bera olmasdi. Bu savolga birinchi bo‘lib javobni da’vatchi topdi:
— Obkomga! — deb chinqirdi u. — U yerga hech kim yaqinlasha olmaydi!
    Bu orada yigitlar ikkita tobut ko‘tarib kelishdi. Murdalarni solib shahar sari jadal yurib ketdilar. Quyoshning qizdirayotgani, hozirgina otash bag‘ridan chiqib kelganlariga qaramay tez yurdilar.
Obkom binosini o‘rab turgan militsionerlar ularni to‘xtatishga jur’at etolmadilar. Ichkaridan chiqqan rahbarlardan biri zinadan yugurib tushdi-da, oldinda tobut ko‘tarib kelayotganlarni to‘xtatdi:
— To‘xtanglar, o‘rtoqlar, tinchlaninglar!
— Qanday tinchlanish mumkin? — dedi da’vatchi oldinga chiqib. — Uylarni yoqishdi, odamlarni yoqishdi. Kim bular, nimaga indamaysiz?
— Bilamiz, vaziyat keskin. Sizlar bu yerdan tez ketinglar. O‘zbeklardan bir yigit o‘ldirilgan. Ma’lumotga qaraganda, uning murdasini ko‘tarib shu tomonga kelishyapti. Turklarni ayblaydigan mish-mishlar tarqalgan.
— Qayoqqa ketaylik?
— Hozir avtobuslar keladi. Sizlarni bexavotir joyga olib boramiz. Faqat vahimaga berilmanglar. Jinoyatchilar albatta jazolanadi!
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:41:25
    Chindan ham ko‘cha og‘zida o‘nga yaqin avtobus ko‘rindi. Olomon avtobuslarga chiqib ulgurmasidan ko‘chaning narigi boshida tobut ko‘targan boshqa olomon ko‘rindi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, yuringlar! — deb buyurdi rahbarlardan biri.
— Murdalarni nima qilamiz? — dedi da’vatchi.
— Ketaveringlar, o‘zimiz ko‘mamiz!
Avtobuslar xuddi poygadagiday shoshilib qo‘zg‘olishdi. Murdalarning egalari faryod urdilar. To‘xtashning iloji yo‘q edi. Ozgina fursat boy berilsa, yana bir qirg‘in boshlanib ketmog‘i mumkin edi.
    Avtobus shahardan chiqar mahalda Zelixon Yigitaliga qarab, ajablandi. Shuncha paytdan beri uning birga ekaniga ahamiyat bermagan ekan.
— Siz nima qilib yuribsiz? — deb so‘radi Zelixon undan.
— Sizlar nima bo‘lsangiz, bizlar ham shu-da, — dedi Yigitali.
Ismoilbey ham unga ajablanib qaradi. Aftidan, o‘z g‘amiga bandi bo‘lib u ham Yigitalining birga yurganiga e’tibor bermagan edi.
— Inim, siz bola-chaqangizning yoniga boring. Yana sizni yo‘qotib hayron bo‘lib yurishmasin. Rahmat sizga. Eson-omon ko‘rishmoqni Olloh nasib etsin.
— Ie, domlajon... — Yigitali e’tiroz bildirmoqchi edi, Ismoilbey uning gapini uzdi:
— Biz sizdan rozimiz, siz ham rozi bo‘ling. Bu g‘alvalar o‘tar-ketar, inshoolloh, farzandlarimiz omon bo‘lishsin. Yigitali, inim, siz boshqalar uchun xijolat bo‘lmang. Musulmon musulmonga qo‘l ko‘tarar ekan, bilingki, orada shayton bor. Shayton borligini unutdik, shayton hukmiga bo‘ysunib qoldik. Bu ham qiyomatning bir belgisi. Qalbimizni dunyo havaslari bilan band etmasak edik... — Ismoilbey yana odati bo‘yicha pichirladi. — Ad-dunyoya mazra’utul-oxira...*
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:42:03
Zelixon haydovchiga yaqinlashdi.
— Birodar, qayoqqa ketyapmiz?
— Bilmayman. Aytishmadi. Oldindagi moshin qayoqqa yursa, biz ham ashaqqa yurovramiz. Aqqa-baqqa qaramasdan yurishasanlar, deb buyurishgan.
— Birpasga to‘xtang, o‘zbak oshnamiz adashib chiqib qolibdi.
— Mumkin emas, kolonna to‘xtaydi. Ketovursinlar, qaytishimda hamroh bo‘lallar.
Zelixon joyiga qaytib, haydovchining gapini aytgach, hammalari yana jimib qolishdi. Ortiqcha gapga hech kimda toqat yo‘q edi. Hamma avtobus derazasi osha tashqariga e’tiborsiz boqib, har biri o‘z xayoliga bandi bo‘lib borardi.
    Shahar ham, qishloq uylari ham ortda qoldi. Asfalt yo‘l tugab, adirning notekis yo‘li boshlandi.     Avtobuslar chayqala-chayqala, yo‘ldagi tuproqni to‘zitib borishadi. Shaharda tutundan bo‘g‘ilayozgan odamlar to‘zon tufayli holdan toygan bir paytda avtobuslar to‘xtadi. Atrofda na bir uy, na bir daraxt ko‘rinadi. Adirning ufqqa tutash qismida samolyotlarning qorasi ko‘zga tashlanadi. O‘sha tomondan bo‘g‘iq guldurak ovozi keladi.
    Avtobuslardan tushgan odamlar bir-birlariga hayron boqishadi. «Qaerga keldik?» Barchamiz mana shu o‘t-o‘lanlarday qovjiraymizmi shu yerda, barchaning xayolida shu savol. Oldindagi mashinadan tushgan vakil baland ovozda gapirib, odamlarga tasalli bermoqchi bo‘ladi:
— Ozgina chidanglar, o‘rtoqlar. Hozir non-suv, oziq-ovqat, chodirlar olib kelishadi. U yoqda olomon tinchlangunicha shu yerda kutamiz.
— Shunday deb avrab jo‘nab qolasizlar, biz qovjirab o‘tiraveramiz.
— Jo‘namaymiz. Biz sizlar bilan shu yerda qolamiz. Fojia biz uchun ham tasodifan bo‘ldi, qurbonlar soni ko‘paymasligi uchun shunday qilishga majburmiz.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:42:42
— O‘zbeklarga nima yomonlik qiluvdik? — dedi kimdir.
— Bunaqa gaplarni qo‘yib turing, iltimos. Oldin tinchib olaylik, jinoyatchilar bilan keyin gaplashamiz.
    «Gaplashib bo‘psan!» dedi Zelixon o‘zicha. So‘ng vakilning gaplaridan ensasi qotib, nari ketdi.
Kunni oftob tig‘ida, ochlik, tashnalik azobida o‘tqazishdi. Va’da etilgan narsalar o‘rniga yana avtobuslarda odamlar kelishdi. Faqat quyosh bota boshlagan onda yuk mashinalari ko‘rindi. Odamlar hech narsaga qaramay suvli mashina atrofini o‘rab olishdi. Boshqa paytda ko‘ngilni aynitishi mumkin bo‘lgan iliq suv jonga rohat ato etdi. Shundan so‘nggina ochlik esga tushdi. Shundan so‘nggina tunni qay ahvolda o‘tkazish tashvishi uyg‘ondi. Shundan so‘nggina tahlika bilan o‘tgan kundagi fojialar ko‘z oldilarida qayta qad rostladi. Kechagina kimsasiz bo‘lgan bu adirga yana odamlar keldi. Odamlar bu yerga qo‘lga ilingan narsalari bilan kelishardi. Kim to‘n, kim ko‘ylak, kim choyshab... olishga ulgurgan. Kimdir bolasini yo‘rgaklashga ham ulgurmagan. To‘plagan mol-mulklari uylarida qoldi. Bu yerdagilarning yagona mulki — tashvish, alam, tahlika... Bu mulkdan barchaga mo‘l berilgan.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:43:23
    Zelixon botayotgan quyoshga qarab o‘tirib, o‘yga toldi. Ayollarning nolalari, bolalarning chinqirab yig‘lashi uni unutib bo‘lmas xotiralarini qitiqlab uyg‘otdi. Tun... ikki tugunni orqalab yo‘l yurish... bobosi, onasi... So‘ng poezddagi yo‘l mashaqqati... Ayollarning nolalari, go‘daklarning big‘illab yig‘lashi, qorni och bolalarning ingrashlari... qariyalarning yaratganga munojotlari... Qandaydir o‘xshashlik bor. Farq shundaki, qishloqlarga o‘t qo‘yishmadi. Bir kechada, hech kutilmaganda, vaj-korson ko‘rsatib o‘tirmay ko‘chirishdi. Bunisiga ham vaj-korson ko‘rsatilmadi. Tunda emas, kuppa-kunduzi yoqishdi... o‘ldirishdi... Eng ashaddiy jinoyatchilar ham bunchalik ochiq ishlashga jur’at etisholmas edi. Fedya... ular qanday jur’at etishdi? Nima uchun hech kimdan qo‘rqishmadi? Ularni kim yollagan o‘zi? Zelixon dastlab bu ish tepasida Asadbek yoki Hosilboyvachchaga o‘xshaganlar turibdi, deb fikr qilgan edi. Bugungi dahshatni ko‘rib, fikridan qaytdi. «Yo‘q, ular bunday keng miqyosda ishlay olishmaydi», degan xulosaga keldi. Bugungi ishboshi lozim bo‘lsa yuzta, balki mingta, balki undan ham ko‘proq Asadbeklarni o‘lik sichqonday o‘ynatib, so‘ng bir chekkaga taxlab qo‘yishi mumkin. Zelixonning o‘tkir zehni buni fahm etib turibdi. U faqat bir narsaga tushunmaydi: nima uchun qirg‘inga aynan turklar tanlandi?
   
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:44:28
    Ismoilbey asta yurib kelib Zelixonning o‘ng tomonidagi do‘nglikka Yigitali tashlab ketgan chorsini yoydi. Tayammum qildi-da, shom namoziga azon chaqirdi. Azon chaqirig‘ini eshitganlar orasida namoz o‘qig‘uvchilar yo‘q edi. Ismoilbey takbir tushirib, yolg‘iz o‘zi o‘qiy boshladi. Zelixon unga qarab turib yana bobosini esladi. Ko‘nglida o‘zi ham tushunmagan g‘alati bir tuyg‘u uyg‘onib, entikdi. O‘rnidan turib, Ismoilbey yonida namoz o‘qigisi keldi. O‘rnidan turdi ham, cholga yaqinlashdi ham... Ammo namoz o‘qishni bilmasdi. Hatto namoz o‘qiyotgan mo‘’min bandaga iqtido qilib turmoqni ham bilmas edi. Shu bois Ismoilbeydan bir qadam orqaroqda o‘tirdi. Ismoilbey namoz o‘qib bo‘lib ham joyidan jilmadi. «Qiblaga qarab Xudodan bir narsalar so‘rayotgandir», deb o‘yladi Zelixon.
    Ismoilbey Ollohdan ko‘p narsani so‘ramadi. Bandalariga insofu tavfiq, farzandlar umriga baraka... Har kuni so‘raydiganiga bugun «Bizga-ku vatangadolikni ravo ko‘rding, shu joylardan rizq berding, nolimaymiz. Bilamiz, imon ikki narsadan iborat, biri shukr, biri sabr. O‘zingga shukr qilamiz, chunki bizdan beshbattar ahvolga tushganlar ham bor. Shuncha yil sabr qildik, bundan keyin ham sabrli bo‘lamiz, inshoolloh. Ammo bolalarimizni vatangado qilma. Shu yerga kindik qonlari to‘kildi, endi bu aziz yerlarga begona qilma», deb qo‘shimcha qildi. So‘ng kun botishga tikilib ona yurtini ko‘z oldiga keltirdi. Chunki uning Mesxetiyasi ham shu tomonda, kunbotarda edi...

_________________
* M a z m u n  b u d i r: Bu dunyo u dunyoning polizi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:45:11
2

    Odamlar tushishi bilan avtobuslarning haydovchilariga «shaharga qaytilsin!» deb buyruq berildi. Yigitali shoshilinchda qo‘shnilari bilan durustroq xayrlashishga ham ulgurmadi. Avtobuslar changli doira yasab burildilaru chayqala-chayqala tezlikni oshirdilar. Katta yo‘lga chiqquncha Yigitali ham, haydovchi ham jim ketishdi. Chang bosilib, yurish yengillashgach, haydovchi peshoyna tepasidagi ko‘zgu orqali Yigitaliga qarab oldi-da:
— Bularning ichida nima qilib yuribsiz, tog‘a? — dedi.
Uning «bular» deb bepisand gapirgani Yigitaliga malol keldi. Shu sababli «bular» so‘ziga atayin urg‘u berib, javob qaytardi:
— Bular, mening qiyomatli qo‘shnilarim. Issig‘im ham, sovug‘im ham shular bilan edi.
— Qo‘shnilardan ham toz-za buyurgan ekan-da, a? — dedi haydovchi yana ko‘zgu orqali qarab.
— Nega unday deysiz? Xudoga shukr, qo‘shnilarim tillo odamlar.
— Ha, endi bitta-yarimtasi tuzukdir, qolganlari yaramaydi. Mana men ularni bexavotir joyga olib borib qo‘ydim. Men ularning jonini saqlab qoldim, to‘g‘ri emasmi? Biz bo‘lmasak ashaqda gum bo‘lishardi. Men jonlarini saqladimu, omma xizmatimga rozi emasman.
— Gaplaringiz qiziq-ku, inim, ular sizga nima yomonlik qilishdi?
— Menga-ku yomonlik qilishmadi. Qilib ham ko‘rsin-chi, kindigidan tomog‘igacha tilib tashlarman. Omma tozza qirg‘in qilishgan-da, bular.
— Qaerda?
— Ko‘p joylarda. Avtomatlari bor ekan. To‘rt oyli chaqaloqni olovda kuydirishganmish.
— O‘zingiz ko‘rdingizmi?
— Yo‘q, eshitdim.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:45:32
— Eshitgan bo‘lsangiz... balki yolg‘ondir? Esimni taniganimdan beri shu odamlar bilan birgaman. O‘zimizga o‘xshagan mo‘min-musulmon ular. To‘g‘ri, yoshlari ichadi, mushtlashadi. Juda oshirib yuborsa pichoq tiqib olar. Lekin siz aytganday bolani tiriklayin kuydirmaydi.
— Bittagina siz ishonmas ekansiz. Ag‘da Quvasoy, bag‘da Marg‘ilon, ana ag‘da yana Farg‘ona. Hammaning og‘zida shu gap. Shu paytgacha birov bularning mushugini pisht dedimi? Urush paytida kelishgan ekanmi, ha, shundan berisiga yurishibdi kayfini surib. Omma boyib, bosar-tusarlarini bilmay qolishuvdi. O‘zing-ku, birovning uyida mehmonsan. Nima qilasan kerili-ib, — yigit shunday deb so‘kindi. Yigitali unga e’tiroz bildirish ortiqcha ekanini fahmladi.
— Ha, tog‘a, indamay qoldingiz? Gapimning chatag‘i bo‘lsa aytovring.
— Gapingizning chatag‘i shuki, hammamiz bu dunyoga mehmonmiz, bu birlamchi. Ikkilamchisi — besh qo‘l barobar emas. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, deyishganini eshitganmisiz? Odamning qorni to‘yib, cho‘ntagi qappaysa, o‘zidan ketadi, tug‘yonga keladi. Bosar-tusarini bilmaydi. Bunisi millatga qarab bo‘ladigan ish emas.
— Endi tog‘a, o‘zimizning boylar bir nima qilsa yarashadi. Har holda o‘zimizniki-da. Bular-chi?.. Odammisan deyishmaydi. Bo‘lamni pivoxonadan haydab chiqarishibdi enag‘arlar.
— To‘g‘ri qilishibdi.
— Ie, tog‘a, bu nima deganingiz? Judayla yon bosavermang-da bularga.
— Yon bosayotganim yo‘q. Pivoxonada o‘tirgan yigitlarni ko‘rsam, g‘ashim keladi.
— Endi ichmasangiz mazasini bilmaysiz-da. Ishdan keyin shundan bo‘lmasa hordiq chiqmaydi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:45:53
    Yigitali haydovchining gap uqmaydiganlar xilidan ekaniga ishonch hosil qilib, u bilan suhbatni davom ettirmadi. Yigit ham yana bir-ikki gap aytgach, tinchidi. Yigitali shaharga yaqin qolganida avtobusdan tushdi. Haydovchi unga xayr ham demadi. Yigitali aytgan «rahmat»ga javob ham bermadi.
    Yigitali shaharga kiraverishdagi qishloqqa borib singlisining oilasidan xabar olib ketmoqchi edi. Shu niyatda yo‘lovchi mashinalarni to‘xtatmoqchi bo‘ldi. Biroq, yuzi shilingan, ust-boshi kirlangan odamni ko‘rgan haydovchilar to‘xtamay o‘tib ketaverishdi. Oqibatda u piyoda yurdi. Singlisi tinch-omon ekan. Bu tomonlarga faqat mish-mishlar, vahimali gaplar yetib kelibdi.
    Yigitali uyga kirib, singlisi bilan ko‘rishayotganda quda xola ayvonda, joynamoz ustida o‘tirgan edi. Yigitali namoz o‘qiyaptimi yo shunchaki o‘tiribdimi, degan xayolda unga bir-ikki qarab qo‘ydi. Uning ajablanayotganini sezgan singlisi izoh berdi:
— Turklar moshinlarda yurishibdi ekan, odamlarni shartta-shartta otishyapti ekan. O‘lsam imon bilan ketay, deb shu holda o‘tiribdilar-da.
    Bu gapni eshitib, Yigitalining jahli chiqdi. Kampirga yaqinlashib salom berdi-da, uning alik olishini kutmay zahrini sochdi:
— Quda xola, kim nima desa ishonaverasizmi? Turklarning hammasini adirga ko‘chirishdi. Boshi buzuqlar ularning uylarini yoqishdi, odamlarini yoqishdi, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Lekin odam qirib yurgan turklarni ko‘rmadim. Qo‘ying bunday o‘tirishni. Qirq yil qirg‘in bo‘lsa ajali yetgan o‘ladi...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:46:24
    Kampir Yigitalining gaplariga ishonib-ishonmay yana picha o‘tirdi. Bundan Yigitali battar xunob bo‘ldi. Choy ichishga ham unamay, iziga qaytdi.
    Quyosh botay deb qolganida shaharga yetib bordi. Ko‘chada qurollangan askarlarni ko‘rib, ajablandi. Avtobus kutishning foydasi yo‘q edi. Yana piyoda yurdi. Mahallasiga yaqinlashganida dimog‘iga kuyuk hidi urildi. Yong‘in asosan o‘chgan, faqat allaqaerlarda nimalardir hanuz tutar edi. Ko‘chasiga burilishi bilan ikkita qurolli yigit ro‘parasidan chiqib, uni to‘xtatdi. He yo‘q, be yo‘q, ikkala qo‘lini ko‘tartirib qo‘yib tintib chiqdi. Yigitali josuslar haqidagi filmlarda shunaqa qilishlarini ko‘rgan edi. Avvaliga yigitlarning bu qilig‘ini hazilmi, deb ham o‘yladi. Qo‘lini tushirmoqchi edi bittasi avtomat qo‘ndog‘i bilan yelkasiga urib «Stoyat!» deb baqirgach, «yopiray, bunisi qandoq bo‘ldi?!» deb qo‘ydi. Askar Yigitalining kamariga osig‘liq pichoqni qinidan chiqarib chiroqqa tutdi. «Xolodnoe orujie» deb sherigiga ko‘rsatdi. So‘ng qinga ishora qildi-da, Yigitaliga «snimi!» deb buyurdi. Yigitali kamarni bo‘shatib, qinni chiqarib bergach, pichoqni joylab, cho‘ntagiga soldi-da:
— Poshli, — deb yana yelkasiga turtdi.
— Ie, qayoqqa poshli? — dedi Yigitali. U ruschani durust bilmagani uchun yarim ruscha, yarim o‘zbekcha qilib tushuntirmoqchi bo‘ldi. — Moya dom hov anavi yerda. Moya jena, detilarim ham kutib turishibdi. Qayoqqa poshli?
    Askarlar uning gaplariga quloq solmay, qo‘ndoq bilan turtib, iziga qaytishga majbur qilishdi. Yigitali guzardan o‘tib kelayotganida usti yopiq ikkita yuk mashinasi turganini ko‘rgan, ammo e’tibor bermagan edi. Uni mashina yonida turgan zobitga ro‘para qilib, pichoqni berishdi. Yigitali unga ham shu mahallada turishini aytib, tushuntirmoqchi bo‘ldi. Zobitning boshi garangmidi, uning gaplarini eshitishni ham istamadi. Yigitlarga imlagan edi, ular darhol Yigitalining qo‘ltig‘idan olib, mashinaga chiqarishdi-da, orqasidan eshikni yopishdi. Ichkari qorong‘i edi, kimdir yo‘taldi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:46:57
— Oyoqqa ehtiyot bo‘ling, birodar, — dedi kimdir. Ovoz tanishga o‘xshadi.
— Ovozingiz tanishga o‘xshayapti. Shu yerlikmisiz? Men, Yigitaliman.
— Ie, Yigitali, tozayam to‘planibmizmi, a? Men Hamdamaliman. Soy bo‘yidanman. Qo‘shningiz Yusufalining tog‘asiman. Xabar olgani keluvdim, deng. Men nodon shomni o‘qib keta qolay, debman. Shu yerdan o‘tayotsam, askar bolalar to‘xtatib turishibdi, deng.
    Yigitalining taxminicha bir soatcha turishdi. Yana ikki kishi saflariga qo‘shildi. Ular ham qarindoshlaridan xabar olgani kelganlardan edi. Shundan so‘ng mashina joyidan jildi. Ko‘p o‘tmay ular o‘zlarini milisaxonada ko‘rishdi. Yigitali ilgari bunaqa joyda bo‘lmagan, bunchalik ko‘p milisa borligini tasavvur ham qilmagan edi. «Kichkina milisaxonada shuncha odam ishlarkan-da, a?» deb ajablanishdi. U favqulodda hodisa munosabati bilan qo‘shni viloyatlardan yordamga qo‘shimcha kuch kelganini qaerdan bilsin?
    Ularni nimqorong‘i, dim, sassiq bir narsaning hidi kelib turgan bir xonaga kiritishdi. Xona tirband edi. «Yopiray, — deb o‘yladi Yigitali, — shuncha odamni to‘plab nima qilishar ekan?» «Shuncha odam» safi orta berdi. Yotish, yonboshlash qayoqda, tik turgan holda tunni o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Tong otgach, birin-sirin chaqiraverishdi. Xonada odam kamayaverdi. Yigitali nomini eshitganda «bu go‘rxonadan qutulganim rost bo‘lsin-a», deb Xudoga shukr qildi. U chaqirilganlar bilan bir-ikki og‘iz gaplashib, qo‘yib yuborishyapti, deb o‘ylagan edi. To‘g‘ri, ayrim odamlar gumondan nari bo‘lib, uylariga qaytishardi. Ayrimlarga esa qachon ruxsat tegishi noma’lum edi. Yigitali ana shu ikkinchi toifa odamlar ro‘yxatiga kiritilib, shahar qamoqxonasiga jo‘natildi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:47:44
3

    Tongda ufq qontalash edi. Go‘yo kimdir kecha to‘kilgan qonlarni bir idishga erinmay to‘plaganu tuni bilan ermak qilib osmon etagini bo‘yab chiqqanday... Xushkayfiyat odam uchun tong otishini kuzatishdan zavqliroq yumush yo‘q. Hatto eng uyquchi odam ham tongda qushlarning sayrashini bir eshitadi. Eshitib bir rohatlanadi-yu, so‘ng uyqusini kelgan joyidan davom ettiraveradi.
    Kecha adirga kelib jon saqlagan odamlar uchun tongning bunday sururi yo‘q. Bu dillarni anduhlardan tozalamoq uchun yana necha tong otmog‘i lozim ekan? Bir necha lahzada vujudga egalik qilib olgan ranjdan xoli bo‘lmoq uchun necha kun, necha oy, necha yillar darkor ekan?
    Kecha xuftonga yaqin keltirilgan chodirlar, to‘shaklar hammaga yetmadi. Uyqu asosan bolalarga hukmini o‘tkazdi. Kattalar deyarli uxlashmadi. Zelixon Ismoilbey bilan o‘sha bir chekkadagi do‘nglikda o‘tirdi. Ahadbey ham ularga qo‘shilgan edi, Ismoilbey «bolalaringni yolg‘izlatma», deb iziga qaytardi.
    Ismoilbey kunbotishga qarab uzoq o‘tirdi. Zelixon ibodatning tugashini toqat bilan kutdi. U namoz o‘qiganlarni ko‘p ko‘rgan, nazarida ibodat bir necha lahzada tugaguchi edi. Shu bois Ismoilbeyning uzoq o‘tirishi unga ajablanarli tuyuldi. So‘ng: «Og‘am ilmli odam, qanday ibodat qilishni biladi. Balki hamma shunday uzoq o‘qir, men avval e’tibor bermagandirman», dedi.

Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:48:25
— Hubbul Vatani minal iymani...
    Ismoilbey bu gapni pichirlab aytgan bo‘lsa-da, Zelixon eshitdi. Eshitdi-yu, ammo tushunmadi. Ibodat davomida o‘qilguchi duo deb o‘ylab, indamay o‘tiraverdi. Bir necha nafasdan so‘ng Ismoilbey yana tilga kirdi:
— Mening Vatanim shu tomonda, — dedi u kunbotarga tikilganicha. — Vatanni sevmoq iymondan. Mening esa Vatanim yo‘qtur. Men Vatandan yuz o‘girmadim. Vatan mendan yuz o‘girdimi? Yo Olloh, Vatani yo‘qning iymoni bo‘larmi endi?..
    Yillar o‘tar, balki asrlar o‘tar, ammo hech kim, hech qachon ularning vatangado bo‘lib qolishlari sababini aniq ayta olmas. Balki bu faqatgina qiyomatda ayon bo‘lguvsi sinoatdir? To‘g‘ri, unga qadar ahli ilm, ahli qalam turli gumonlarini bayon etaverarlar, kimlarnidir ayblarlar, kimlarnidir oqlarlar... Banda to‘qigan gaplar o‘tkinchi ekanini fahm etmaymi, bahslashaverarlar...
    Zelixon Ismoilbeyga og‘ir bo‘lganini bilib tursa-da, cholning dardi u uchun begona edi. Chunki unda Vatan tuyg‘usi yo‘q edi. To‘g‘ri, dastlabki qamalganida shunga o‘xshash bir tuyg‘u bir uyg‘ondi, ammo tarbiyaga muhtoj bu tuyg‘uning umri qisqa bo‘ldi. Ongida oxirat tushunchasi bo‘lmagan odam shaytonning o‘ljasi hisoblanadi. Shaytonga tobe odam qalbida esa bunday tuyg‘ularni tarbiya etmoq mutlaq mumkin emasdir.
    Mashoyixlardan biri kuyib aytgan ekanki, yo Rabbim, men ba’zi kimsalarning holiga hayron qolaman: o‘limning muhaqqaqligini bilgani holda, qanday qilib xursandchilikka berila oladi? Jahannam azobining haqligini bilgani holda qanday kuladi? Voqean shunday. O‘lim bilan yuzma-yuz kelib qolgan damdagina odam dunyoda quvonch, xoyu havas borligini unutadi. Aksincha, yagona qudrat sohibini eslaydi. Yana bir necha yil, yoki, mayli, bir necha oy, u ham mumkin bo‘lmasa bir oygina, bir kungina, hech bo‘lmaganda soat yoki daqiqa umr ko‘rishni istaydi. Kechagina ularning xayoliga bu narsalar kelmagan, dunyo faqat quvonchlardan iboratday betashvish o‘tirishgan edi. Mana endi kutilmaganda o‘zlarini adirda boshpanasiz ko‘rgach, xayollari oxirat bilan band bo‘ldi. Ota-onalar farzandlariga, bolalar esa volidayn umriga baraka berishni so‘rab Yaratganga yolbordilar. Umr bo‘yi Olloh nomini tilga olmaganlar xayoli ham shu bilan band...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:48:51
    Yana mashoyixlar derlarki: bu dunyoda moli omonat, o‘zi esa mehmon bo‘lmagan biron kimsa yo‘qtur. Mehmon degan keladi, ketadi. Omonat esa buyurilgan vaqti yetganda egasiga qaytib berilmog‘i joizdir. Beshafqat hayot bu haqiqatni bir hamlada ayon etib, odamlarning yumuq ko‘zlarini ochdi.
Zelixon yana jimib qolgan Ismoilbeyning yoniga yaqinroq surildi.
— Og‘a, — dedi u, — hali hushimdan ketgan paytimda tushga o‘xshagan g‘alati narsa ko‘rdim.
Ismoilbey unga qaradi. Cholning qarashida «qanaqa tush?» degan savol zuhur edi. Zelixon gapini davom ettirish mumkinligini fahmladi:
— Boshimga zarba tushishi bilan hammayoq gir aylandi, keyin atrofimni zulmat o‘rab oldi. Ikkita sharpa kelib, qo‘ltiqlab ko‘tardi. «Yaxshi bo‘ldi, bulardan qutqaradi», deb o‘yladim. Sharpalar qo‘ltiqlab ko‘targanicha meni chir aylantirib balandga, juda balandga olib ketishdi. Xuddi sahrodagi girdobga tushib qolganday bo‘ldim. Keyin birdan zulmat tugab, yorug‘likka chiqdik. Atrof shu darajada yorug‘ ediki, ko‘zlarim qamashib ketdi. «Buni nimaga olib keldilaring, hali muhlat bor», degan g‘alati ovoz eshitildi. Keyin yana girdobga tushdim, yana zulmatda qoldim. Sharpalar meni yerga yotqizib, yo‘q bo‘lishdi. Keyin ko‘zimni ochsam... Yigitalining ayvonida yotibman.
Zelixon javob kutib, Ismoilbeyga tikildi. Ismoilbey bir oz o‘yga toldi-da, chuqur xo‘rsindi. So‘ng:
— Buning ta’birini aytishga fikrim ojiz, — dedi. — Vallohi a’lam, Tangrim joningni qaytarib beribdi. Buning ma’nosi shuki, endi sayoq yurishingni tashla. Qalbingni zangdan tozala.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:49:13
— Qalb zangi? — Zelixon kulimsiradi. — Rosa zo‘r gaplarni topib gapirasiz, tog‘a. Hozir namoz o‘qiyotganingizda nima uchundir mening ham o‘qigim keldi. Shuning uchun sizga yaqinlashib o‘tiruvdim.
— Ha-a... — Ismoilbey qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi. — Dilingdagi qulfni Tangrining o‘zi ochibdi, vallohi a’lam. Bu — yaxshilik alomati. Iymon keltir, bilasanmi?
    Zelixon bosh chayqadi. U jinoyatchilar taqdirini hal qiluvchi ja’mi qonunlarni yod bilardi. Shu yoshga kirib, uchtagina muqaddas so‘zdan iborat kalimani ayta olmadi. Ismoilbey kalimani aytdi, u qaytardi:
— La ilaha illolloh...
Bir necha marta qaytardi. Har aytganida vujudini ezib turgan nimadir qochganday bo‘laverdi. O‘sha «nimadir»ni u bilmas edi. Yengil tortayotganini his qilib turib «qalbning zangdan tozalanishi shu bo‘lsa kerak», deb o‘yladi.
    Shu paytda ellik qadamcha naridan da’vatchining ovozi eshitildi. U atrofiga o‘n-o‘n besh chog‘li odamlarni to‘plab Vatan, ozodlik haqida gapirardi. Avval Zelixon, so‘ng Ismoilbey turib, davra sari yurdilar.
— Ayollarimiz mesxetiyaliklar orasida erkak zotidan bormi, deyishyapti. Xo‘sh, ayting-chi, biz itmizmi, kim haydasa dumimizni qisib qochaveradigan. O‘zbeklarni biz qarindosh derdik, orqadosh derdik. Ular nomardlik qildilar.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:49:45
Shu payt davra orasidagi bir yigit qo‘lini baland ko‘tarib qichqirdi:
— Qonga qon!
Uning bu qichqirig‘i Ismoilbeyning boshiga gurzi kabi urilib, tovoniga qadar zirillatib yubordi. Badaniga qaltiroq yugurdi:
— Zinhor! — deb yubordi u. To‘planganlar davra chetidagi qariyaga ajablanib qaradilar. — Zinhor! — deb takrorladi Ismoilbey. — Xudodan qo‘rqinglar! O‘zbeklarni ayblamanglar! Non bergan jon olmaydi.
— Vatan bir bog‘dir. Bu bog‘ning daraxtlari inson qoni ila sug‘orilmagi kerak, — dedi da’vatchi.       Ismoilbeyning lablari titrab «Astag‘firulloh!» dedi-yu, boshqa gapirolmay qoldi.
— Chiroyli gapirding, — dedi Zelixon unga yaqinlashib. — Lekin bu bog‘ seniki emas-ku? Bog‘ni yashnatib yuborging kelsa, ana, qo‘lingga qurol ol, Mesxetiyangga bor. Uyingga kirib olganlarni haydab chiqar. Qo‘lingdan keladimi bu ish?
Da’vatchi bu gapdan gangidi, biroq sir boy bermaslik uchun Zelixonga dag‘dag‘a qildi:
— Sen kimsan o‘zing? Qayoqdan kelib qolding?
— Men — chechenman! Men ham Vatanidan haydalgan inson bolasiman. Sen vaysashga usta ekansan. Ammo sen bizga joy bergan, non bergan, o‘lganlarga kafan bergan o‘zbeklarni bilmaysan. Sen unda yo‘q eding. Kecha tuxumni yorib chiqib, bugun elga aql o‘rgatasanmi? Bilib qo‘y, ovozingni o‘chirmasang, kekirdagingni mana shu barmoqlarim bilan sug‘urib olaman. Bu panja shunaqa ishlarga mo‘ljallangan. Ancha-muncha kekirdaklarni sug‘urib, rohatlangan. Kimsan, deding, a? Bilib qo‘y, men qamoqdagi karamsho‘rvalarni ichib katta bo‘lgan odamman. Pachakilashib o‘tirmayman. Men milisangdan ham, hukumatingdan ham qo‘rqmayman. Hammang bola-chaqalaring bilan indamay o‘tirlaring. Yana kim «qonga qon!» desa shu yerda qon qusib qoladi. Men — chechenman! Chechenlar bir so‘zli bo‘ladi, ha!
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:50:14
Da’vatchi gapirolmay qoldi. Davradagilar asta tarqalishdi.
— Ularni qo‘rqitib yubording, — dedi Ismoilbey.
— Qo‘rqitganim yo‘q. Agar yana gapirsa, rostdanam qilardim shu ishni. Hamma g‘alvani mana shunga o‘xshaganlar boshlaydi. Yuzta miltiq topib, tarqating, anavi go‘l yigitlar oladi. Bu ahmoq esa olmaydi. Birinchi bo‘lib qochadi.
— Bular serka toifa odam bo‘ladi. Qo‘ylarni kushxonaga boshlaydi, o‘zi esa omon qoladi. Shunaqalardan o‘zing asra, ey Tangrim!
Bu orada to‘shak, chodir keltirishdi. Zelixon bitta to‘shakni olib kelib, do‘nglikda yolg‘iz o‘tirgan Ismoilbeyga to‘shab berdi.
— Og‘a, yotib dam oling.
— Sen o‘zing yotaver. Men bu tunni Ollohning zikri bilan o‘tkazarman. Ahadbeyga ham yetdimi to‘shak?
— Ha, bolalariga joy qilib oldi.
Ismoilbey aytganiday qilib, uxlamadi. Yaydoq yerga tiz cho‘kib o‘tirganicha ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Zelixon to‘shakka yonboshladi. Unga xalal bermadi. Bir-ikki ko‘zi ilinganday bo‘ldi. Subhga yaqin qattiq mudroq bosdi. Ismoilbeyning azon chaqirig‘ini eshitib, uyg‘ondi. Ismoilbey o‘rgatganidek tayamum qildi, unga ergashib namoz o‘qiy boshladi. Ismoilbey farz namozini o‘qib, qa’daga o‘tirganicha qimir etmadi. Zelixon anchagacha toqat bilan o‘tirdi. Bu orada ufq qontalash bo‘ldi. Atrof yorisha boshladi. Zelixon nima qilarini bilmay, kechagi voqealarni eslab o‘tiraverdi. Ahadbey kelmaganida, bilmaydi, qancha o‘tirar edi... Ahadbey yon tomondan keldi. U ham otasining namoz o‘qiyotganini kuzatgan, uzoq o‘tirib qolganidan ajablangan edi. Otasiga yaqinlashayotib tizzasi ustidagi o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i ko‘tarilganicha qotganini ko‘rdi. Otasi odatda tashahhud o‘qiyotganida bu barmog‘ini bir ko‘tarib qo‘yardi. Hozir esa barmoq qotib turibdi.
— Ota, — dedi Ahadbey Ismoilbeyga yaqinlashib. Sado bo‘lmagach, engashib, uni yelkasidan ushladi.
    Ismoilbey o‘g‘lining bag‘riga beozorgina bosh qo‘ydi. Ahadbey otasini bag‘riga mahkam bosganicha nima qilarini bilmay qotib o‘tiraverdi. Zelixon irg‘ib o‘rnidan turdi-da, cholning ro‘parasiga o‘tdi. Ismoilbeyning ko‘zlari ochiq, barmoqlari hanuz kunbotar tomonni ko‘rsatib turardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:51:38
4

    Bir necha daqiqalik sarosimadan so‘ng barchalari bir muammo ustida bosh qotirmoqqa majbur bo‘ldilar: mayit qaerga va qay holda ko‘miladi? Zelixonning xayoliga bobosining qismati keldi. Bobosi qaytish qilganida kafanni uy egasi bergan edi. Ismoilbeyga kim beradi? Bu masala og‘ir emas. Hukumat vakillari topib berishar. Ammo qaerga dafn etiladi? G‘assol kim? Qaerda yuvadi? Agar peshingacha dafn etilmasa, bu issiqda... Oqsoqollar turlicha fikr bildirishdi. Vakilning boshi qotdi. Bunaqa holatda ko‘pchilikning maslahatiga quloq solinaversa osh pishmaydi. Zelixon buni yaxshi biladi. Ahadbey otasiga o‘xshagan mo‘min odam, kim nima desa ko‘naveradi. Shu sababli Zelixon o‘zicha tadbir belgilab, amalga oshirishga kirishdi:
— Xo‘jayin, menga mashinangni berib tur. Cholni qishloqdagi qabristonga ko‘mamiz, — dedi u qat’iy ohangda.
— Yo‘q, mumkin emas. Ahvolni ko‘rib turibsiz, — dedi vakil.
— Nimaga mumkin emas? Qishloqda o‘zbeklar turadimi? — Vakil bosh irg‘ab tasdiqladi. — Menga qara, xo‘jayin, senga tushunmayroq turibman. Sen o‘zing o‘zbekmisan, axir?
    Vakil bu savoldan dovdiradi. Odamlarga bir-bir qarab olib, o‘zbek ekanidan xijolat chekkanday «ha» deb qo‘ydi.
— Ikkidan biri, — dedi Zelixon unga qattiq tikilib, — yo sen o‘zbek emassan, yo o‘zbeklarning kimligini bilmaysan. Ismoilbey og‘am kecha «Non bergan — jon olmaydi» degan edi. Bilib qo‘y, non bergan kafanlik ham beradi, mozoridan joy ham beradi. Seni qara-yu, yana o‘zbekman, deysan. O‘zbek bo‘lganingda o‘likning ustida bunaqa majlis qilib o‘tirmasding. Mashinangni ber, Ahadbey ikkalamiz tushamiz.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:51:58
— Yaxshi, mashina beraman, — dedi vakil, — omma, men sizlarni ogohlantirdim. Bir gap bo‘lsa men ikki kishi uchun javobgar emasman.
— Qo‘rqma, xo‘jayin, menga tegishmaydi. Men chechenman. O‘ldirishsa, mana, Ahadbeyni o‘ldirishar. Bir kishiga javob berasan.
— Biz ham boramiz, — dedi qariyalardan biri, — ikkoving sho‘ppayib ko‘tarib borasanlarmi?
— Sizlar shu yerda duo qilib o‘tiringlar. Ikkovimiz sho‘ppayib qolmasmiz.
Zelixon aytganiday bo‘ldi. Ular yuk mashinasida yo‘lga chiqdilar. Xotinlar qiy-chuv bilan qoldilar. Zelixon dafn marosimi qanday bo‘lishini yaxshi bilmas edi.
— Hozir qayoqqa boramiz? — deb so‘radi Zelixon Ahadbeydan.
— Qishloqqa, — dedi Ahadbey uning savolidan ajablanib, — o‘zing aytding-ku.
— Qishloqqaligini bilaman. To‘g‘ri mozorga olib bormaymiz-ku?
— Ha... balki machitga borarmiz?
    Qishloqqa kiraverishda uchragan birinchi kishidan «machit qaerda?» deb so‘rashdi. U berilgan savolga avval tushunmaganday bo‘ldi. Qayta so‘rashgach, bosh irg‘ab «qishloqda machit yo‘q», deb javob berdi. Zelixon bilan Ahadbey «endi nima qildik?» degan ma’noda bir-birlariga qarab oldilar.
— Choyxona bormi? — deb so‘radi Zelixon yo‘lovchidan.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:52:25
— Bor-da. To‘g‘riga yurib chapga burilsang‘iz guzarga chiqasiz. Choyxona ashatda.
Hovuz labidagi so‘rida ikki oqsoqol nonushta qilib o‘tirardi. Ahadbey mashinada qolib, Zelixon tushdi-da, ularga yaqinlashib, salom berdi. Chollar o‘rinlaridan turib, qo‘shqo‘llab so‘rashgach, mehmonni nonushtaga taklif qildilar. Mehmon o‘tirib, fotiha o‘qilgach, unga choy tutdilar. Zelixon choydan bir ho‘pladi-da, muddaoga ko‘chmoqchi bo‘ldi:
— Otalar, men chechenman, anavi mashinada qolgan sherigim — turk, — dedi.
Siyrak soqolli chol kulimsiradi.
— Mehmon, sizning kimligingizni so‘raganimiz yo‘q-ku? Chechenmisiz, boshqamisiz, bizga mehmonsiz, bizga shunisi bas.
— Rahmat, ota, zamon alg‘ov-dalg‘ov bo‘lganiga shunaqa devdim.
— E mehmon, zamonni qo‘yavering, hozir diydor g‘animat. Nasibangizda bor ekan, qishlog‘imizga keldingiz. Bir piyola choy ichdingiz. Nasibangizda bo‘lmasa, tuya so‘yib chaqirsak ham kelmagan bo‘lardingiz. Sherigingizni ham chaqiring, choy ichsinlar, nimaga tushmayaptilar.
— Mashinada yana bir odam bor... Sherigimning otasi...
— Xastamilar, yotibdilarmi?
— Jon berdilar yaqinda, namoz o‘qib turib... Turklar adirda, bilarsizlar. Ko‘mish kerak, musulmoncha qilib.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:53:01
Qariyalar «Olloh rahmat qilsin», deb yuzlariga fotiha tortdilar.
— Otalar, xafa bo‘lmaysizlar, bir gap aytay?
— Hech qanaqa gap aytmang, mehmon, biz tushundik. Siz choy ichib o‘tiring, xo‘bmi, qani, Sotvoldi, tur.
— To‘xta, hovliqmasang-chi, gaplari bo‘lsa aytsinlar. Mehmon, ranjimang, Hayitali tog‘angiz sal shunaqaroq. Aytovring gapingizni.
— Aytmoqchimanki... chiqimini to‘laymiz.
— Astag‘firulloh! — dedi Hayitali oqsoqol. — Sotvoldi, eshitdingmi? Shunaqa gap chiqishini bilganim uchun aytmang, devdim. Endi mehmon, aytishga-ku, aytdingiz, a? Endi picha uyaling. Bizlarni kim deb o‘yladingiz?
    Hayitali gapira-gapira so‘ridan tushib, kavshini oyog‘iga ildi. Sotvoldi oqsoqol unga ergashdi. Zelixon uchinchi piyoladagi choyni ichishga ulgurmay Hayitali oqsoqol ko‘rindi. U choyxona sari emas, mashinaga qarab yurdi. Ahadbeyga qarab: «Endi bandalik-da, inim, xudo sabr bersin», dedi-da, haydovchi yoniga o‘tirdi. «Qani haydang inim», deb yo‘l ko‘rsatdi. Zelixon yugurib kelib joyidan jilayotgan mashinaga chiqib oldi.
    Mashina bir uy qarshisida to‘xtadi. Bu yerda bir necha odam to‘planib turgan edi. Zelixon ham, Ahadbey ham bu uy Hayitali oqsoqolniki ekanini keyinroq bilishdi. Mayitni uyga olishgach, Hayitali Ahadbeyga yaqinlashdi.
— Inim, otangizning birodarlari, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ingiz bordir, a?
— Bor, — dedi Zelixon o‘rtog‘i uchun javob berib. — Adirda qolishgan.
— Nimaga qolishdi? Nimaga kelishovurmadi?
Zelixon ham Ahadbey ham bu savolga javob berolmay ko‘zlarini olib qochishdi. Hayitali ham savoliga javobni talab qilmadi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:53:49
— Siz, inim, — dedi Ahadbeyga qarab, — ichkariga kiring. G‘assolga qarashasiz. Siz esa men bilan yuring, — dedi Zelixonga. Zelixon «qayoqqa?» deb o‘tirmay, unga ergashdi.
    Adirdagi qo‘ni-qo‘shni, Ismoilbeyning birodarlarini olib qaytishganda dafn marosimiga lozim bo‘lgan yumushlar bajarib bo‘lingan edi. Hovliga joy qilingan, katta qozonda esa sho‘rva qaynab turardi.
    Ahadbey mashinadan tushayotgan orqadoshlarini ko‘rib, yig‘lab yubordi. Otasining joni uzilganidan beri ko‘ziga endi yosh keldi. U otasining o‘lganidan yoki uning qadridan emas, qishloqdagilarning oqibatidan hayajonlanib yig‘lardi.
    Hayitali oqsoqol cho‘rtkesar, bir so‘zli edi: dafn marosimidan keyin ham mehmonlarga ijozat bermadi. Shomga yaqin vakil xavotirlanib yetib keldi. Vaqtida qaytmaganlari uchun ulardan o‘pkaladi.
— Qishlog‘imizda avboshlar yo‘q, Xudoga shukr. Shu yerda turaverishsin. Biydek cho‘lda nima bor ekan? Chollarni urintirib qo‘yibsiz, inim, — dedi Hayitali unga.
— Boshqa choramiz yo‘q, otaxon, qishlog‘ingiz tinch, bilamiz. Lekin bu yerda turklar borligini bilsa, shahardagi betamizlar yetib kelib bir balolarni boshlaydi. Adirda bularni askarlar qo‘riqlaydi.
— To‘rtta-beshta bezorini jilovlay olmasangiz, nima qilib hukumat bo‘lib yuribsiz, inim, shu ham ishmi? Yomonga yomon bo‘ling, shartta-shartta oting-da, vassalom!
— Aytishga oson... — deb ming‘irladi vakil, so‘ng Zelixonga «bu g‘alvani siz boshlab edingiz, endi o‘zingiz eplang bu yog‘ini» deganday najot ko‘zi bilan boqdi. Zelixon Hayitali oqsoqolga, uning hamqishloqlariga minnatdorlik bildirib, qariyalarni mashinaga taklif etdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:54:52
5

    O‘sha do‘nglik... Yana ikki kishi... Yana shom... Ammo shom azoni eshitilmaydi. Hech kim namoz o‘qimaydi. Do‘nglikdan ikki qadam narida Ahadbeyning oilasi, qo‘shni xotinlar, bolalar...
    Ahadbey bilan Zelixon qontalash ufqqa tikilishgan. Aytadigan so‘zlari yo‘qday... Jim... Jimlikni bolalarning ovozlari buzadi:
— Zarine, kel, mehmon-mehmon o‘ynaymiz. Sen mehmon bo‘lasan...
— O‘ynamayman. Hali haydab yubording-ku. Senga mehmon bo‘lmayman...
Bolalarning suhbatiga Ahadbeyning xotini qo‘shiladi:
— Zerine, o‘ynay qol, Gulsine mehmonni haydamaydi, u o‘zbek emas.
    Bu gap xayolga berilgan do‘stlar qulog‘iga o‘qday urildi. Ahadbey sapchib o‘rnidan turdi-da, xotiniga yaqinlashib yuziga tarsaki tushirdi. Bunga ham qanoat hosil qilmay tepdi. Yana tepmoqchi bo‘lganida Zelixon o‘rtaga tushdi.
— Nimaga urasiz? Gunohim nima? — dedi xotin yig‘lamsirab.
— Sen ahmoq odam aytadigan gapni aytding, — dedi Zelixon.
— Qaysi gap? — deb ajablandi xotin.
Ahadbey unga javoban so‘kindi. Zelixon uni yelkasiga qo‘lini qo‘yib nariga boshladi. Xotin javrab qolaverdi.
— Parvo qilma, xotin zoti nima gapirganini o‘zi ham bilmaydi, — dedi Zelixon do‘stiga tasalli berib.
    Atrofga qorong‘ilik cho‘ka boshladi. Katta chodir yaqinida ovqat ulashildi. Ular borishmadi. Yana kunbotarga tikilgancha jim o‘tirdilar.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:55:20
— Barmoqlarini to‘g‘rilash mumkin bo‘lmadi, — dedi Ahadbey.
— Nimaga ko‘targan ekanlar, bilmaysanmi?
— Namozda shunaqa odatlari bor edi. Bir kuni so‘rasam, payg‘ambar afandimizdan sunnat devdilar. Muhammad alayhissalom namoz o‘qib o‘tirganlarida tog‘ qulay boshlagan ekan. Namozni buzmay ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘targanlarining o‘zida tog‘ qulashdan to‘xtagan ekan.
— Men «Mesxetiyam shu yoqda» deb ko‘rsatmoqchi bo‘lganmilar, deb o‘ylabman.
Ahadbey bosh chayqaydi-yu, yengil xo‘rsindi. So‘ng o‘ziga-o‘zi gapirganday dedi:
Qo‘nma bulbul, qo‘nma bulbul
Daraxt shoxiga,
Nalar keldi, nalar keldi
Yurtim boshiga...
— Nima deding, tushunmadim?
— Bolaligimda otam shuni xirgoyi qilib yurardilar. Xalq qo‘shig‘i, der edilar.
Bu gapdan keyin Zelixon kecha tundagi suhbatni yodga oldi. Ismoilbey Vatan haqida gapira turib: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun», deb xo‘rsinib qo‘ygan edi. Zelixon bu gapni xotirasiga muhrlashga harakat ham qilmagandi. Hozir nechundir esladi. Eslab turib, badanida xuddi minglab chumoli barobar o‘rmalagandek seskandi.
    Yarim tunga qadar suhbatlashib o‘tirdilar. Tongga yaqin bir-birlariga suyangan holda pinakka ketdilar. Zelixon bir tutamgina uyqusida ikki marta cho‘chib uyg‘ondi. Har safar yoniga Ismoilbey kelib xo‘rsinadi-da, qulog‘iga shivirlaydi: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun».
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:55:52
    Ertalab «yo‘lga hozirlaninglar» degan buyruq berildi. Peshinga yaqin turnaqator bo‘lib avtobuslar ko‘rindi. Qayoqqa borajaklarini hech kim bilmas edi. Kimdir umid bilan «Mesxetiyamizga olib borishsa edi», dedi. Dam o‘tmay bu umid «Mesxetiyaga qaytar ekanmiz» degan haqiqatga aylanib, tirnalgan qalblarga malham bo‘ldi.
Avtobuslar shaharga yaqinlashayotganda Zelixon Ahadbey bilan xayrlashdi.
— Qaerga borsang ham, seni topaman. Bu yerda qiladigan chala ishlarim bor.
— Tinch yur. Biz bilan ketaver. Chala ishlaring chalaligicha qolaversin.
— Hozir keta olmayman. Seni topaman...
Avtobus aeroport yonidan o‘tayotganida Zelixon tushib qoldi. Avtobuslar shoshilmay, sekin yurishardi. Zelixonning nazarida ular odamlar qalbidagi dardning og‘irligini tortolmayotganday edi. U avtobuslar ortidan kelayotgan harbiylar mashinasi ko‘zdan yo‘qolguncha ko‘zini yo‘ldan uzmadi. Shu holda turganida o‘sha tanish ovoz qulog‘i ostida yana shivirladi: «Agar sendin tonar bo‘lsam, nasibam ohu zor o‘lsun...»
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:57:08
IV  b o b

1

    Zohid  Mahmud Ehsonovni so‘roqqa chaqirishga chaqirdi-yu, keyin to‘g‘ri qildimmi, deb boshi qotdi. Shu holda garang bo‘lib o‘tirganida xonasiga mayor Soliev kirib keldi. Zohid unga Jamshidning uyiga borgani, o‘gay onasi bilan gaplashgani haqida gapirib berdi. Qisqa hisobotning oxirida Mahmud Ehsonovni chaqirtirganini ham aytib «bunisiga nima deysiz» degan ma’noda mayorga tikildi. Mayor uning nigohidagi savolni to‘g‘ri uqib, javob berdi:
— Bekor chaqiribsan. Uning kimligini bilarding-ku? Asadbek ko‘proq shuning maslahatiga yuradi, deyishadi. Bu Chuvrindi Asadbekning boshi, Kesakpolvon deganlari oyoq-qo‘li.
— Demak, chaqirtirib to‘g‘ri qilibman. Demak, hamma ishlarning tepasida shu odam turgan. Demak, kalavaning uchi shuning qo‘lida. Demak...
— Demak, — dedi Soliev istehzo bilan, — demak, sen hali hech narsaga tushunmabsan. Ma, o‘qi. — U yon cho‘ntagidan bir varaq qog‘oz chiqarib, Zohidga uzatdi.
    Zohid yozuvlarga bir ko‘z yugurtirib, keyin mayorga hayrat bilan qaradi. So‘ng yana o‘qidi.
— Murda avval yorib ko‘rilgan? Bosh miya, buyraklari olingan? O‘sha yondirilgan murdami? Qayoqdan chiqdi bu gap?
— Avvalgi ekspertiza xulosasini amaliyotchi talaba yozgan ekan. Bularni yozish shartmasdir, deb o‘ylaganmish. Bo‘lim boshlig‘i bugun bilib qolib, menga qo‘ng‘iroq qildi. Uzr so‘radi. Yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qolsin, deb yalindi.
— Birovga jon shirin, birovga joy shirin, — deb to‘ng‘illadi Zohid. — Bunaqa boshliqlarning onasini...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:57:28
    Zohid o‘sha bo‘lim boshlig‘ining onasini nima qilish lozimligini aytdi-yu, tilini tiyolmagani uchun Solievdan xijolat bo‘ldi. Bir tomondan, g‘azab, bir tomondan, xijolat iskanjaga oldi. Mayor «o‘ziga kelib olsin», deb indamay o‘tirdi. Zohid odati bo‘yicha, bir varaqqa qandaydir formulalar yozdi, o‘chirdi, yana yozdi. Fikrini sal jamlab olgach, mayorga qarab kechirim so‘radi.
— Bu qo‘shimcha xulosasiz ham murda Jamshidniki emasligi bizga aniq edi. Murdaning kimligini endi aniqlab bo‘lmas. Falokatga uchragan, o‘likxonada egasiz yotgan balki biron mehmondir.
— Bu tomosha ularga nima uchun kerak? Shunga aqlim yetmayapti.
— Ularga, deganing kim?
— Asadbekka-da.
— Bu ishni Asadbek qilgan, deb ishonyapsanmi?
— Axir Jamshid deb ko‘mishibdi-ku? O‘likxonadan bizning ruxsatimizsiz olishgan. Qalbaki hujjat tayyorlashgan.
— Ehsonovga shularni aytasanmi?
— Aytmayinmi?
— Arqonni uzun tashla. Ular bizni laqillatmoqchi bo‘lishibdimi, mayli, laqmaga o‘xshab ko‘rinaver. Biz Jamshidni qidirishimiz kerak.
— Tirik deb o‘ylaysizmi?
— Bilmadim. Balki tirikdir. Balki o‘ldirib ko‘mib tashlashgandir. Harholda, ular Jamshidning tirik ekaniga ishonishimizni istashayotganga o‘xshashadi. Ekspertiza xulosasidagi kamchilik bekorga aniqlanmagandir. Bo‘lim boshlig‘i indamay qo‘ya qolsa ham bo‘lardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:57:49
— Yana bir gumon bor: balki ikkala o‘limning qotili bir ekaniga ham ishontirishmoqchidir? Birinchisi — chinakam qotillik. Jalol Komilov qiynab o‘ldirilgan. Balki qotil Jamshiddir? Bugun uni o‘ldiga chiqarib, ertaga boshqa hujjat, boshqa ism bilan tiriltirishsa-chi? Ikkinchisi qotillik emas, shunchaki o‘yin. Bir necha kun avval o‘ldirilgan odamning erkakligini kesib tashlashdan maqsadlari nima? Qotilning uslubi shu, deyishmoqchimi? Jamshid avval bir qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgani uchun qamalgan. Erkaklikning kesib tashlangani shunga ishora emasmi? Ha, aytmoqchi, marhumning buyraklari nega yo‘q bo‘ldi? Jigar ezilgan, bosh mayib. Har holda, mashina urib yuborgan bo‘lsa kerak. Buyraklarning kimga keragi bor?
— Ilmiy tadqiqot uchun olishgandir. Buyrakni ko‘chirib o‘tkazish markazi bor, eshitmaganmisan? Buyragi quriy boshlagan odamlar shunaqa hodisa bo‘lishini kutib yotishadi. Qiziq-a, o‘lmay qolish uchun boshqa bir odamning o‘lishini kutib yotishadi.
— Ha... — dedi Zohid, yengil xo‘rsinib, — o‘lmay qolishning turlari ko‘p.
    Shu payt xonaga Hamdam kirib keldi. Ko‘rinishdan kayfiyati yaxshi edi. Zohid bilan ko‘risha turib «bitta oshga tushding, prokuror» deb qo‘ydi.
— Zohidni bitta osh bilan qo‘rqita olmaysan, — dedi Soliev. — Qotilni topgan bo‘lsang, qo‘y so‘yadi. Aroq-sharog‘i mendan.
— Bunisi ham bo‘ladi, — dedi Hamdam kaftlarini bir-biriga ishqab. — Bugungisi bitta oshga arziydigan gap. Zohid, akangning tagi qimirlab qolganga o‘xshaydi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 17:59:37
— Qaysi akamning?
— Sobiq boshlig‘ing, kapitan Mirsultonov akang emasmi? Xo‘-o‘sh... bizdan o‘tgan ikki-uch ishni shahar sudi qaytargan edi. Bugun yuqorida kapitanni burashibdi shekilli. Hozir menga hasrat qilib qoldi. «Joyimga birov ko‘z tikib turibdi, ezmasdan to‘g‘risini ayta qolishmaydimi?» deydi. Men ham to‘g‘risini aytdim-qo‘ydim. «Akaxon, — dedim, — ayb o‘zingizda, qo‘rqoqlik bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Qo‘lga tushgan jinoyatchi albatta falonchining o‘g‘li bo‘ladi yoki pistonchining jiyani, yo qo‘shnisi bo‘ladi. Busiz iloj yo‘q. Hammaning ko‘ngliga qarab ish tutsak, ertalab qo‘lga olib, kechqurun uzr so‘rab chiqarib yuboraveramiz. Shuning uchun ham bizni birov bir tiyinga olmaydi», dedim. Shunaqa, prokuror, yig‘lab yuboray deb o‘tiribdi akang.
Zohidga bu gaplar malol keldi. Ayniqsa Solievdan xijolat bo‘ldi. Unga qaramaslikka tirishib:
— Hamdam aka, birovning tashvishidan quvonganimni avval ko‘rganmidingiz? — dedi.
— Buning nimasi  tashvish?  Sen  haqiqatparastsan-ku? Haqiqat istar eding, ro‘yobga chiqyapti. O‘z o‘rniga nomunosib odam ketadiganga o‘xshaydi.
— O‘z o‘rniga munosibi keladimi? — dedi Soliev uning gapini bo‘lib.
— Bunisi endi Xudoga bog‘liq. Bo‘pti, bu gapim yoqmasa, yoqadigani ham bor: bitta insofli odam topildi. Shoir ekan. Guvohlikka chaqirmaslikka ming marta qasam ichirib, keyin bir mashinaning nomerini aytdi. Kerak bo‘ladi, deb yondaftariga yozib qo‘yibdi. Aytgisi keladi-yu, qo‘rqadi — u ko‘krak cho‘ntagidan bir parcha qog‘oz olib Solievga uzatdi. Mayor qog‘ozga ko‘z yugurtirdi-yu, betoqat qarab turgan Zohidga uzatdi.
— Yana o‘sha taksoparkmi? — dedi Zohid ajablanib. — Nima, bu tasodifmi?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:00:01
Soliev «bilmayman» deganday yelkasini qisib qo‘ydi.
— Ikkidan biri: yo tasodif, yo kimningdir befahmligi.
— Yoki, — dedi Soliev, — bizni kimdir mayna qilmoqchi, laqillatmoqchi. Shu uchinchisi to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Raqibni hech qachon befahm deb o‘ylamanglar. Agar shunday o‘ylasanglar, o‘zlaring kaltafahm bo‘lib qolasanlar. Taksoparkka bormagandirsan?
— Qarang, shu ishga kelganda fahmim uzunlik qilib, bordim, — dedi Hamdam kesatib. Haydovchi Sayfi Turdiev. Uch kunga ruxsat olib Uchariqqa ketibdi. Ukasi qamoqda ekan. Ertaga ishga chiqadi.
— Ertagacha Uchariq bilan bog‘lana olamizmi? — deb so‘radi Zohid mayor Solievdan. U mayorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish buyuraverishdan andisha qilib, ba’zan shunday savol bilan murojaat etardi. Soliev bu ishning muhimligini bilgani uchun telefon go‘shagini ko‘tarib, kerakli bo‘lim bilan suhbatlashib topshiriq berdi.
— Bugun kun isidi, — dedi Hamdam yelpinib. — Prokuror desa, savlatingdan eshak hurkadi-yu, xonangga bitta konditsioner qo‘ydirsang bo‘lmaydimi? O‘rtoq mayor, siz telefonda gaplashguningizcha men kaltafahmlik davosini o‘ylab topdim. Aytaymi?
— Ayt, — dedi Soliev kulimsirab, — piching darsidan bahoing a’lo, qani gapir-chi, uzunfahm.
— Do‘xtir yozib bergan zo‘r dori bor. Nomi «Vitamin-P». Uni topish uchun hozir shogirdingiz navbatchi mashinani chaqiradi. Ikki soatga «maxsus topshiriq» bilan bir joyga borib kelamiz. Qayoqqa, deb so‘ramaysanmi, prokuror?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:00:22
— So‘ramayman, gapingizdan qitmirlikning hidi kelib turibdi.
— Qitmirlik emas. Hali bu taklifim moydek yoqib, menga rahmat, akaxon, ham deysan. Xullas, gap shuki, sen mashina chaqirasan, biz o‘tiramiz, keyin anhor bo‘yidagi o‘zing bilgan pivoxonaga boramiz. Sen bitta, men ikkita pivo ichamiz. Jaz-buz deganday, a?
    Zohid Hamdamning maqsadini anglab, jilmaydi. U anhor sohilidagi ko‘rimsiz pivoxonani bilardi. Hamdam «bu pivoxona emas, mish-mishxona, har qanday axborot shu yerga oqib kelib, jamlanadi», derdi. Hamdam pivoxona xo‘jayini bilan o‘zaro og‘zaki shartnoma tuzib olgan edi. Bu shartnomaga muvofiq Hamdam uni nazoratchilardan himoya qilardi, u esa barcha mish-mishlarni oqizmay-tomizmay Hamdamga yetkazardi. Ham tijorat, ham siyosat, deganlariday, Hamdam ham bo‘layotgan yoki sodir bo‘lishi kutilayotgan voqealardan ogoh etilardi, ham baqaloqning ziyofatidan huzur topar edi. Aynan shu mish-mishxonadagi gaplar unga ba’zan chigal masalalarni yechishga yordam berardi. Zohid buni bilgani uchun ham jilmayib:
— Rahmat, akaxon, — dedi, so‘ng Solievga yuzlandi. — Maqsud aka, bu topshiriqni bajarmasak bo‘lmaydi. Fahmni charhlab kelaylik.
    Bir necha daqiqadan so‘ng uchchovlari mashinaga o‘tirib, eski shahar tomon yurdilar. Bozordan o‘tganlaridan so‘ng yo‘l bo‘yida ikki-uchta g‘isht ustiga qo‘yilgan bo‘sh pivo idishlari ko‘rindi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:00:47
— Ko‘cha harakatining yangi belgilari, — dedi Zohid kulib.
— Militsiyada endi ish boshlaganimda ustozim bo‘lardi, urushda jang qilgan, halol inson edi, — dedi Soliev. — Ammo xayolparastroq edi, bechora. O‘sha odam, hademay to‘qchilik boshlanib, jinoyat kamayadi, derdi. To‘qchilik ham boshlandi, erkinlikni ham berib yuborishdi. Mana ahvol.  Xohla molingni sot, xohla o‘zingni sot. Pul topib o‘zingni xursand qilsang bo‘ldi.
    Mayorning gaplarini eshitib kelayotgan Hamdam bir shumlikni o‘ylab mashinani to‘xtatdi. Pastga tushib yo‘l yoqasidagi bo‘sh shishalarni bir chekkadan yig‘ishtira boshladi. Tol soyasidagi pivoli shishalarni olayotganida sal narida turgan xotin «hay-hay»lab yugurib keldi.
— Hoy, baloyi nafs, nima qilobsan?
— Musodara qilyapman.
— Kimsan o‘zing, musodara qilasan?
— Melisaman.
— Ko‘rsat qog‘ozingni.
— Ana, — dedi Hamdam mashinani ko‘rsatib.
— Bunaqa moshin Haydar jinnida ham bor.
— Qani yur, bo‘lmasa. Moshinga o‘tir, Haydar jinnini melisada aytasan.
— Ha, baloyi nafs, pivoni qo‘y joyiga. Haqqingni beray. Shune sotmasam bolalarem och.
— Bolang hozir och emas, yolg‘on gapirma. Hozir olib borib qamayman, keyin och qoladi.
— Hay, hay, sovuq gap gapirma, bacham. O‘rtog‘ung durust bacha ekan, sen nodurust ish qilma.
— Qaysi o‘rtog‘im?
— Doniyor-da. Ertalab kelade, haqqini olade, ketade. Qamayman, demayde, senga ham berayinme?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:01:10
— Doniyorni ham qamayman, — dedi Hamdam jiddiy tusda. Ayol: «Doniyorni qamasa kattaroq kishi ekan», deb o‘ylab, dovdiradi. Hamdam Doniyor degan yigitni tanirdi. Unga ham bir qitmirlik qilib qo‘ygisi kelib ayolga qat’iy tarzda buyurdi: — Xo‘-o‘sh, buguncha seni qamamayman. Shu ko‘chadagi hamma chayqovchilarga aytib chiqasan: agar shu ishni yig‘ishtirmasalaring, Sibirga olib borib qamayman. Doniyorga ham ayt, general kelib seni so‘kdi, deb ayt.
— Ibi, siz ginrolmi?
— Ishonmaysanmi? Qog‘ozimni ko‘rsataymi?
— Ishondim, o‘rtoq ginrol. Hammasi yest bo‘lade. Uyda xaladiynada muzdagi bor, olib chiqaymi? Sizga tekun.
— Pora bermoqchimisan?
— Pora emas, bolangdan aylanay ginrol. Yordamchilaringiz ichsun, duo qilsunlar.
— Sen buyurgan ishimni bajar. Mashinaning no‘merini ko‘rdingmi? Yodlab ol, Doniyor so‘raydi. — Hamdam shunday deb yukxonasi eshigini yopdi-da, mashinaga o‘tirdi. Ayol: «Bu rostdan ginrol bo‘lsa, nima uchun shisha yig‘ishtirib yuribdi», deb o‘ylamadi ham.
Mashina yurgach, Hamdam qilgan ishidan zavqlanib, xaxolab kuldi.
— Doniyorni taniysan, a? Anavi yumshoq supurgi-chi? Bularni soqqani kelganida xotindan bu gaplarni eshitadi. General kim ekan, deb boshi qotadi. Mashina nomerini bilgach, prokuraturadan kim kelibdi, deb paytavasiga qurt tushadi.
    Zohidga ham, mayorga ham Hamdamning bu shumligi ma’qul kelib, kulimsirab qo‘yishdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:02:12
    Anhor sohilidagi pivoxona bo‘sh, ko‘ylagi tugmachalarini yechib, yelkasiga kirlangan sochiq tashlab olgan xo‘jayin hisob-kitob bilan band edi. Yo‘l chetida to‘xtagan «Volga»ni, undan tushayotgan Hamdamni ko‘rib, irg‘ib o‘rnidan turdi-da, yo‘l-yo‘lakay ko‘ylagi tugmalarini solib ularga peshvoz chiqdi.
— Hisob-kitob qalay, qurug‘idan tushib turibdimi? — dedi Hamdam u bilan so‘rashib.
— Ha endi, sizlar bor, hisob ham qoyili maqom-da.
— Hisobing biz bilan emas, lo‘lilar bilan bitadi. Lo‘lilar pivofurushlikni o‘rganganlaridan beri yayrab qolding, a?
— Ha endi, akaxon, tirikchilik, o‘zingiz bilasiz. Joyni qaerga qilay?
— Shu so‘raydigan gapmi? Mana bu yigitni taniysan, a?
— Ha. Akaxon, kamnamo?
— Bu hozir prokurorlarning kattasi bo‘lib ketgan. Mashinasini ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim, qoyili maqom. Muborak bo‘lsin, akaxon.
— Bu kishi shu prokurorning ustozi. Bilding, a, shunga qarab muomala qilaver.
— Muomalaning zo‘ri bizda-da. Chexnikidan olib qo‘yibman.
Ular pivoxonaning orqa tomoniga o‘tishdi. Xo‘jayin baqaloq bo‘lgani bilan chaqqon edi.
— Akaxon, kallangiz g‘ij-g‘ij aql-da. Kelib juda yaxshi qilibsizlar. Issiqni qarang, yamlamay yutaman, deydi. Bugun qirqdan oshar, a?
— Shu ham issiqmi? — dedi Hamdam. — Ellik bo‘lganda edi, suyaklarga sal issiq o‘tardi.
— Gapni ham olasiz, a? — deb qorinlarini selkillatib kuldi xo‘jayin.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:02:53
— Biz yuz darajada qaynaydigan odamlarmiz. Qirqing nima ekan.
— Gapni ham ezvordingiz.
— O‘zing yetmish olti bo‘lib olibsan shekilli?
— Ha endi, akaxon, kecha ko‘payib ketgan ekan. Qultomitsindan sabuhiy aylamasak bosh og‘riq bosilmaydi.
— Eshitdingizmi? — dedi Hamdam mayorga qarab. — Poxmelni «sabuhiy» deydilar, bu akam. Odamlarning issig‘i o‘ttiz olti bo‘lsa, bu akaxonniki hamisha yetmish olti. Aroqdagi qirq darajani qo‘shib yuradilar. — Hamdam uning qorniga qo‘lini bigiz qildi. — Bu qorin emas, restoranning  ombori.
    Soliev bu hazildan kulib qo‘yib, pivoxona xo‘jayiniga zimdan nazar tashlab qo‘ydi.
Muzdek pivodan ichishayotganda xo‘jayin g‘oyib bo‘ldi. Dam o‘tmay ikkitadan non orasiga qo‘yilgan kabobni ko‘tarib keldi.
— Shuni tamaddi qilib turinglar. Dimlamani ham boplab qo‘ydim. — U shunday deb iziga qaytmoqchi edi, Hamdam to‘xtatdi:
— Yangiliklardan gapir.
— Yangilik uncha yo‘g‘am. Kecha to‘qqizinchi qavatdagi bitta juvon o‘zini tashlabdi. Avval o‘zini osmoqchi bo‘lgan ekan. Sal esi og‘ibroq qolgan ekan, deyishdi. Eri...
— Xo‘p, buni bilaman.
— Boshqa gap yo‘q, bo‘lmasam.
— Bordir, eslab ko‘r. Bitta odamni osib, yoqib yuborishibdi-ku?
— E, umi?.. — Xo‘jayin sal dovdirab Solievga xavotir bilan qarab qo‘ydi.
— Gapiraver, — dedi Hamdam uning xavotirini sezib. — Seni so‘roq qilgani kelishgani yo‘q. Dimlamangni maqtab olib kelganman bularni. Xo‘sh, odamlar nima deyishyapti?
— Ha, endi odamlarni bilasiz-ku?
— Gapni yamlama.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:03:25
Xo‘jayin gapimni birov eshitib qolmasin, deganday qaddini sal egib, pastroq ovozda dedi:
— Asadbekning odamini o‘ldirib ketishganmish. Asadbek uni o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘rarkan. Shuning uchun o‘zining uyidan chiqarishibdi.
— Bunisi yolg‘on, — dedi Hamdam. — Sherigining uyidan chiqarishgan.
— Eshitganimni aytdim, o‘zimdan qo‘shmadim.
— Xo‘p, kim o‘ldiribdi?
— Biri u deydi, biri bu deydi.
— «U», «bu»ning oti bormi?
— Hosilboyvachchaning Shomil degan yigiti bor ekan, o‘shaning ishi deyishyapti. Yana bittasi Moysyanmidi... o‘shaning odamlari ham chatoq emish-da. Asadbek bilan vinzavodni talashishayotgan ekan.
— Yana?
— Bo‘ldi.
— Bu dimlamangni xom pishiribsan. Gaplaringga besh ketmadim. Bor, ovqatga qara. Ha, shopirning qornini to‘yg‘az. Yukxonada shishalar bor, lo‘li xotinlaring berib yuborishdi. Senga duoyi salom, o‘sha. Shuning hisobiga shopirga ham ber pivongdan, uyiga borganida ichar. Bilib qo‘y, o‘sha odamni Asadbekning o‘zi o‘ldirtirgan. Yana birovga gullab qo‘yma.
Xo‘jayin uzoqlashgach, Zohid Hamdamga norozi qiyofada boqdi.
— Nega unday dedingiz? Gullab qo‘yma, deganingiz bilan bugunoq olamga yoyar?
— Menga shunisi kerak-da. Shu gap Asadbekka yetib borsin. Buni asp yurish deydilar.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:03:54
2

    Anvar Elchinni yo‘qlab kelganida chindan ham xush kayfiyatda edi. U bir necha yildan beri ruhiyatdagi o‘zgarishlarni kuzatib, bu kun kayfiyati yaxshi yo yomon bo‘lishini tongdayoq sezadigan bo‘lib qolgan. Mana shu sezgi ruhiga o‘zi xo‘jayin emasligini anglatgan. Ba’zan sababsiz holda ko‘ngli ravshanlashib ketadi. Ba’zan esa g‘ashlanadi. Birov uni urishmaydi, so‘kmaydi. Lekin ko‘ngli g‘ashlanib yuraveradi.
Bu tun uyqusi yaxshi bo‘lmasa ham tetik holda uyg‘ondi. Nonushta payti choy uzatayotgan xotini shiringina jilmayib qo‘ydi. Mana shu jilmayish unga yoqib ketdi, tuyg‘ularini qitiqlab uyg‘otdi. Onasi bo‘lmaganida shartta turib, bag‘riga olishi tayin edi. Onasi ham nonushta payti nasihatlarini, hasratlarini unutib, Xonzoda keliniga yoshligidagi ajib voqealarni so‘zlardi. Ishga otlanish chog‘ida xotini yana bir jilmayish bilan ko‘ngliga navbatdagi chiroqni yoqdi. Bu safar jilmaygani uchun eridan mukofotini oldi.
— Nimaga ertalabdan jilmayib qolding? — dedi Anvar uni bag‘ridan bo‘shatib.
— Jilmayib bo‘lmaydimi, xo‘mrayib yurayinmi?
— Endi aytaman-da. Bekorga jilmaymassan?
— Bekorga emas, haqqini oldim-ku?
Bu nozli gapdan so‘ng bir jilmayishning haqqi ikki hissa tarzida taqdirlandi.
— Oyim aytdilar, eringizga ertalabdan jilmaysangiz, uyingizga farishta kiradi, dedilar.
— Yaxshi gap ekan. Oldinroq aytmaydilarmi shu gapni.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:04:27
    Anvar kuzatgan: yaxshi kayfiyat bilan uydan chiqsa, avtobus ham darrov kela qoladi, odam ko‘p bo‘lmaydi, eng qizig‘i — faqat chiroyli qiz-juvonlarni uchratib, ko‘ngli yayraydi. Aksincha, dili xufton tarzda chiqsa, avtobusni uzoq kutadi, odam ko‘p bo‘ladi, xunuk qiz-juvonlarni ko‘rib, g‘ashi keladi.
    Bugun malohatli qiz-juvonlarni ko‘rish nasib etgan kun edi. Avtobusda, xuddi atayin uyushtirganday, bittagina joy bo‘sh edi. Anvar go‘zalligini ta’rif etmoqqa so‘z ojiz bir qiz ro‘parasiga o‘tirdi. Qarab qizni hijolat qilmay desa ham, ko‘zi qurg‘ur bo‘ysunmadi. Qiz bunday suqli qarashlarga ko‘nikkan yoki bezib ketganmi, beparvo holda deraza osha ko‘chaga ko‘z tikkan edi. Anvar beixtiyor ravishda:
Labing malohati g‘avg‘o qo‘pordi olamdin,
Shakarni bo‘yla kishi qayda ko‘rdi sho‘rangiz, —
deb yuborgisi keldi-yu o‘zini tutdi. Manziliga yetganida uni birov bo‘ynidan bo‘g‘ib tushirganday bo‘ldi. Avtobus izini ko‘zlari bilan o‘pdi — chunki unda malohat sohibasi bor edi. O‘pa turib alam qildi: sen ham odammisan, deb bir qarab qo‘ymadi-ya!
Institutga kiraverishda to‘rxalta ko‘targan o‘rta yosh kishi uni to‘xtatdi:
— Jiyan, shu yerda ishlaysizmi? — deb so‘radi u.
— Ha, — dedi Anvar unga salom berib.
— Menga bir odam kerak. Xolidiy degan olim. Shu yerda ishlar ekan?
Anvar bu nomni eshitib unga zimdan ko‘z yugurtirdi. Ko‘rinishidan kambag‘algina, soddagina kishi. To‘rxaltada ikkita kitob. Belboqqa o‘ralgan narsa non bo‘lsa kerak. Shimlari g‘ijim. Poezdda shu holda yetgandir. Yuvilaverib holdan toygan ko‘ylak yoqasining uchlari shoyigulning barglariga o‘xshab buralib qolgan. «Qarindoshiga o‘xshamaydi. Qiziq, nimaga kerak ekan?»
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:04:54
— Xolidiy domlangiz hali kelmagandirlar. Ish vaqti bo‘lgani yo‘q.
— Choy-poy ichib kelsammikin? Ikki soatdan beri shu yerdaman. Poezddan tushib to‘g‘ri kelavergan edim.
— Ie, shunaqami, yuring, bo‘lmasa, choy-poyni birga ichamiz.
U «qanday bo‘larkin?» deb istiholaga borib o‘tirmay, Anvarga ergashdi. Anvar xonaga kirib choy qo‘ydi. U kishi to‘rxaltadan belbog‘ni olib, ochdi. Bitta non, uch-to‘rt qant-qursni o‘rtaga qo‘ydi. Nonni sindirdi-da:
— Oling, jiyan, mozorbosdi, — dedi.
Choy ichayotgan mahalda Anvar so‘ramasa ham, o‘zi muddaoga ko‘chdi:
— Men maktabda tarixdan dars beraman. Uch-to‘rt kun burun bitta kitobcha qo‘limga tushib qoldi. Chiqqaniga ancha bo‘lgan ekan. Mana, — u to‘rxaltadan kitobchani olib Anvarga uzatdi. — «Qishloqlarda Sovet hokimiyatini mustahkamlashda partiya yacheykalarining ro‘li» ekan.
— Bilaman, ko‘rganman, — dedi Anvar, kitobni qo‘lga ham olmay.
— Bilmaysiz, jiyan, — dedi mehmon kitobni varaqlab. — Kitob asosan Shoto‘ra, Sultonobod, Mushtketdi qishloqlari misolida yozilgan. Bitta gapi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
— Unchalik emasdir, — dedi Anvar. — Shu ishi uchun bu odamga fan do‘kto‘ri degan ilmiy unvon berilgan.
— E balo berilmaydimi, menga desa! Yolg‘on gaplar yozilgan deyapman-ku, sizga! O‘n yetti-o‘n sakkizinchi yillarda bu qishloqlarda partiyaning urvog‘i ham bo‘lmagan. Partiya nimaligini bilishmagan. Hamzaning «Farg‘ona fojiasi» degan asarini eshitganmisiz? Faqat o‘qiganman, deb yolg‘on gapirmang.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:05:20
— O‘qiganman, desam nega yolg‘on bo‘ladi?
— Ana ko‘rdingizmi, siz ham buning tarixini bilmaysiz. Bu asarning nomigina qolgan, xolos. CheKa uni o‘sha yillariyoq yo‘q qilib yuborgan. Bu asarda Hamza dashnoqlarning yovuzligini tasvirlagan ekan. Tomoshani Toshkentda bir martagina ko‘rsatishgan. Ikkinchisida CheKa bosgan. Keyin Turkkomissiya Farg‘onani tekshirib, Hamzani haq deb topgan. Dashnoqlarga chora ko‘rganday bo‘lishgan. Ana o‘shandan keyingina mahalliy millatdan partiyaga olish kerak, degan masala ko‘tarilgan. Birinchi bolshevik paydo bo‘lganda bosmachilarni qirib bitirishgan edi. Xolidiy deganingiz tarixchimi o‘zi?
— O‘, nimasini aytasiz, tarixchi bo‘lganda ham zo‘rlaridan.
— E, o‘rgildim.
— Choyni ichib bo‘lganga o‘xshaysiz, a? Men sizni bir xonaga kuzatib qo‘ysam. O‘lmas Akrom degan bir yigit shu dargohning xo‘jayini. «Menga Xolidiy domla keraklar, kitoblarini o‘qib, atay yo‘qlab keldim», deysiz. Boshqa gapni aytmay turasiz. Xolidiyni darrov chaqirtiradi. Ana undan keyin aytasiz.
    Anvar shunday deb uni qabulxonaga boshladi. Kotibaga mehmonni tanishtirgach, iziga qaytdi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng sodir bo‘lajak voqeani ko‘z oldiga keltirib o‘zicha jilmayib qo‘ydi: ...avvaliga O‘lmas Akrom ham, Xolidiy ham quvonadi. Kitobimni o‘qib, ziyorat qilgani kelibdi, deb taltayadi. So‘ng... tarix o‘qituvchisidan eshitadiganini eshitib, yetti qavat terisi shilinib tushadi. O‘lmas tarix o‘qituvchisini «izzat-ikrom bilan» ko‘chaga qadar kuzatib qo‘yadi. So‘ng kotibadan mehmonni kim boshlab kelganini so‘raydi...
    Ko‘p o‘tmay hamxonalari kelishdi. «Eng kichik ilmiy xodim» Anvar bilan salomlashib, hol-ahvol so‘ragach, kitob varaqlashga tushdi. «E g‘ofil banda, — deb o‘yladi Anvar, — tarix ilmini suvdek ichib yuborsang ham, Xolidiyga mute bo‘lish ilmini egallamasang, shu holda qog‘oz titib umringni o‘tkazasan. Sen ishga vaqtida kelding. Ahmoq bo‘lib joyingda o‘tiribsan. Boshqalarga qara, dahlizda turishibdi. Ustozga salom berish uchun uning yo‘lini poylashyapti. Ular tarixni titgani emas, ustozlarini ziyorat qilgani kelishadi. Sen ahmoq esa, ziyorat qilishga bo‘yning yor bermagani uchun kichik  ilmiy xodim maoshi bilan pensiyaga chiqasan. O‘lganingda miyangni ochib qarashsa, g‘ij-g‘ij aqlni ko‘rishadi. Akademik bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Sen esa kichik ilmiy xodimsan. Afsuski, aqlni tiriklikda ham, o‘lgandan keyin ham ko‘rib bo‘lmaydi...»
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:06:15
    Gulnora kirib, Anvarning xayoli bo‘lindi. U shoshib kirib, shoshib salomlashib, sumkasidan bir nimani shoshib oldi-yu, shoshib chiqdi. «Ustoz kelgunga qadar, paytdan unumli foydalanib, sotadigan mataxini ko‘rsatib olishi kerak», deb o‘yladi Anvar.
    Anvarning mo‘ljalidagi yarim soat o‘tgach, dahlizdagi harakatlar tindi-yu, eshik ochilib, kadrlar bo‘limining mudirasi ko‘rindi. Anvar uni ko‘rgani hamon, qiziq hangomani kelgan joyidan davom ettirayotganday gap boshladi:
— Siz ishonmaysizu Sobirjon, bo‘lgan voqea emish, — dedi «eng kichik ilmiy xodim»ga qarab, — qassoblar do‘mboq xotinlarni o‘g‘irlab, so‘yib sotishayotgan emish. Mana, kecha kechasi bir erkak zaharlanib o‘libdi. Bozordan olgan go‘shtdan zaharlanibdi. Tekshirib  qarashsa,  o‘z xotinining go‘shti ekan. Qarang-a, ba’zi xotinlarning, — Anvar shu so‘zlarni chertib-chertib aytdi, — go‘shti zaharli bo‘larkan, a?
— Siz mening orqamdan yuring, — dedi mudira jerkib.
— Qayoqqa? Jinnixonagami? — dedi Anvar o‘rnidan turib.
— Ochiq go‘rga, undan ham nariga, — dedi mudira jahl bilan.
— Ochiq go‘rdan nariga bo‘lsa, demak, direktor chaqirayotgandir...
Anvar yanglishmagan edi. Mudira uni kuzatib kirib «Yana xizmat bormi?» deganday boshqonga qaradi. O‘lmas Akrom «ishingizga boravering» degach, burilib chiqdi.
    Anvar bir narsada — bu suhbatda Xolidiy ham ishtirok etar, deb yanglishgan edi. O‘lmas Akromning yolg‘izligini ko‘rib, ko‘ziga tikilganicha jilmaydi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:06:39
— Bugun xursandga o‘xshaysanmi? — dedi O‘lmas Akrom.
— Jinnilar shunaqa bo‘lishadi. Bekordan-bekorga kulaverishadi.
— Jinniligingni boshqa yerda qil. Haligi o‘qituvchini sen boshlab keldingmi?
— Qaysi o‘qituvchi?
— O‘zingni go‘llikka solma.
— Ha, ertalab bir kishi turgan ekan. Ikki soat poylabdi, bechora. Ustozning kitoblarini o‘qigan ekan, ziyorat qilgani kelibdi. Har holda qora xalq-da. Xalq o‘z otasini ko‘rgisi kelsa, aybmi? Shu yerda poylang, deb boshlab keldim. Noto‘g‘ri qilibman-mi?
— Anvar, seni boshqalar  bilmasa ham men yaxshi bilaman. Nimalarga qodir ekaningni ham bilaman. Yuragingda nimalar yashiringani ham menga ma’lum. Maynavozchilikni yig‘ishtir. Ustoz bilan olishma. O‘zingni o‘yla. Oldinlari sen aytmoqchi bo‘lgan gaplarga yo‘l yo‘q edi. Endi hamma darvozalar ochildi. Istagancha gapir, istagancha o‘rgan, istaganingcha ilm qil. Fursatdan foydalanib qolsang-chi?!
— Chiroyli gapiryapsan. Istagancha ilm qilish mumkin, to‘g‘ri. Lekin sen istagan ilm jamiyatga keraksiz bo‘lsa-chi?
— Maydalashma!
— Xo‘p, maydalashmayman. Unda sen menga bir masalani yechib ber: qadim-qadimda ajdodlarimiz odam go‘shtini oddiy taom sifatida yeyishgan. U damlarda yovvoyi bo‘lishgan, nodon bo‘lishgan. Ular qorin to‘ydirish uchun bir-birlarini avval o‘ldirib, so‘ng go‘shtlarini yeganlar, to‘g‘rimi? Xo‘sh, endi-chi? Bir-birlarining go‘shtlarini tirik holda yemaydilarmi? Tirik holda yeb bitiradilar. Alhazar!
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:07:04
— Hamisha shunday bo‘lib kelgan. Buni o‘zing yaxshi bilasan. Falsafa so‘qimay qo‘yaqol. Men senga do‘st sifatida aytyapman bu gaplarni.
    Anvar unga tikilib qaradi: «Astoydil gapiryaptimi yo til uchida gapirib avramoqchimi? Yo ustozining topshirig‘ini bajaryaptimi?» Shu nafasning o‘zida g‘oyibdan bir ovozni eshitganday bo‘ldi: «Nima uchun hammadan xavfsirayverasan? Nima uchun odamlarning xolisona yaxshilik qilishlariga ishonmaysan?» O‘lmas Akromga nisbatan ko‘ngli yumshay boshlagan mahalda boshqa bir ovoz guldirab keldi: «Ishonma, aytayotgan erkinligiga ham ishonma. Mehribonligiga ham ishonma. Jonu dili amal, shuhrat bo‘lgan odamdan yaxshilik kutma!..»
Shu ovoz kuchlilik qilib, yumshay boshlagan dilni yana toshga aylantirdi.
— Ishonmayman, — dedi u beixtiyor.
— Nimaga ishonmaysan?
— Gaplaringga. Masalan, erkin ravishda ilm bilan shug‘ullanishimizga. Tizgin Maskovda ekan, erkinlik haqida gapirmay qo‘yaqol.
— Gapni siyosatga burma.
— Ana, ko‘rdingmi, darrov qo‘rqasan. Bizda ilm bilan shug‘ullanish erkinligi yo‘q. Bizda amalparastlik erkinligi, dunyoparastlik erkinligi, haqiqat ko‘ziga cho‘p tiqish erkinligi, laganbardorlik erkinligi bor. Bulardan ustozing to‘la foydalanib, maza qilib yashadi. Endi sen shunday yashaysan. So‘ng sening shogirding. Shunday ketaveradi zanjir reaktsiyasi bo‘lib. Senga bir hikmatli gap aytaymi?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:08:11
— Bo‘ldi qil, boshimni g‘ovlatib yubording. Sen bilan gaplashgan odam baraka topmaydigan bo‘lib qolibdi. Sen ilmda orqada qolib ketayotganing uchun boshqalardan gina qilma. Ayb o‘zingda, butun kuchingni jag‘laringga beribsan. — O‘lmas Akrom stoli ustidagi bir varaq qog‘ozni olib, unga uzatdi. — Xavfsizlik qo‘mitasi arxividan foydalanmoqchi edingmi? Ruxsat berishdi. Mana bu odamga telefon qilib, istagan paytingda borishing mumkin.
Anvar qog‘ozni olib bukladi-da, e’tiborsiz narsaday cho‘ntagiga soldi.
— Ketaveraymi?
— Ha.
— Gapim ichimda qolmasin, haligi hikmatni aytay: bu jinnilarning gapi emas: «Sahli Su’lukiy debturki, man tasaddara qabla avonihi fa qad tasaddo li havonihi». Angladingmi?
— Tushundim, bor ketaver.
— Yo‘q, tushunmading. Tushunganingda sapchib ketarding. Meni tezroq chiqarib yuborish uchun shunday deyapsan. Bu hikmatning ma’nosi shuki, kimda-kim vaqtidan oldin boshliq bo‘lsa, o‘zining xorligiga mutasaddi bo‘ladi. Yana ham sodda aytilsa, layoqatsiz odam boshliq bo‘lib olsa, odamlar ko‘zi oldida o‘zini- o‘zi xorlagan bo‘ladi.
— Yo‘qol, ahmoq!
— Ana, aytdim-ku, tushunganing endi ayon bo‘ldi, — Anvar unga bir jilmayish hadya etib, xonadan chiqdi.
    U jinnixonada o‘tgan har bir kuni uchun bulardan shu zaylda o‘ch olaman, deb o‘ylardi. U o‘z nazarida hujumga o‘tgan, bular esa himoyada edilar. Bular Asadbek nomini eshitiboq gangib qoldilar, deb o‘ylardi. Uning ko‘p narsalarga yetadigan aqli Xolidiyni gangitish mumkin emasligiga yetmas edi. Xolidiy ajablanishi mumkindir, ammo gangimaydigan toifadan edi. Anvar jinnixonada nur bilan gaplashganida eshitganlarini unutayozgan edi: «Sen uning kelajakni ko‘ra bilish xususiyati borligini bilmaysan. Unga ertaga nima bo‘lishi ma’lum». Anvar O‘lmas Akromning jig‘iga tegayotganida Xolidiy uni ko‘zdan yo‘qotish choralarini izlayotgan edi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:08:52
3

    Anvar peshinga qadar xush kayfiyatda yurib, tushlikdan so‘ng arxivga borish uchun ruxsat so‘rab ketdi. O‘lmas Akrom aldamagan edi, chindan ham arxivda istagan hujjatni beradigan bo‘lishdi. U buvasiga oid ma’lumotni ko‘rish istagini bildirgan edi, ikki kun ichida topib qo‘yadigan bo‘lishdi. Ishga qaytishni ixtiyor qilmay, Elchinni ko‘rgisi kelib, uning uyiga yo‘l oldi. O‘tgan kuni ham uyida hech kim yo‘q edi. Bugun ham darvoza berk. U do‘stiga hazilnamo noma bitdi-da, naycha qilib o‘rab, kalit solinadigan tirqishga tiqib, uyiga jo‘nadi.
    Xotinining ishdan qaytishini kutmay, o‘zi oshga unnadi. Oqshom chog‘i uyga kirib kelgan Xonzoda erini oshxonada ko‘rib «ko‘z tegmasin-ey» deb kulimsiradi.
— Ertalabki jilmayishingning haqqini ado etyapman, — dedi Anvar.
Osh suzilayotgan damda Elchin kirib keldi.
— Qaynotasi suygan yigit osh suzilganda kirib kelarkan, — dedi Anvar unga peshvoz chiqib. Anvar uning g‘ashiga tegish uchun atayin «qaynona» emas, «qaynota» degan edi. Elchin hozir qitmirlikni ko‘taradigan ahvolda emasdi. Shu sababli do‘stiga xo‘mrayib qaradi. Anvar ham hazili o‘rinsiz bo‘lganini sezdi. Elchinning yonog‘idagi ko‘k dog‘ni ko‘rib: «Ha, tinchlikmi?» dedi. «O‘tin tegib ketdi», dedi Elchin to‘ng‘illab. U Risolat kampir bilan so‘rashib chiqqach, mehmonxonaga o‘tishdi. Osh ikki laganga suzildi. Elchinning qorni och bo‘lsa-da, tomog‘idan ovqat o‘tishi qiyin edi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:09:16
— Biz kundoshlarga o‘xshab qolibmiz. Mening kayfiyatim yaxshi bo‘lsa, seniki chatoq. Seniki yaxshi bo‘lsa, meniki chatoq. Nima gap, dilingni yorsang-chi?
— O‘zi yoriladigan bo‘lib turibman.
— Ichasanmi?
— Bormi?
— Topamiz. Lekin meni zo‘rlamaysan.
— Zo‘rlagan — o‘g‘ri.
Anvar kitoblar orasiga yashirib qo‘ygan shishani olib ochdi-da, piyolani lim-lim qilib to‘ldirdi. Elchin bir ko‘tarishda ichib, xo‘rsinib qo‘ydi. «Dardi og‘ir, oshnamning», deb o‘yladi Anvar.
— Quy yana.
— Oshdan ye.
— Oldin quy, keyin yeyman.
    Elchinni ezayotgan dard ikki piyola aroqning kuchi bilan tarqaydigan anoyi dardlardan emasdi. Elchin aroqni ichib bo‘lganidan keyin ham osh yemadi, tund holda o‘tiraverdi. Anvar ham toqat qilib, uning gap boshlashini kutdi. Aroq deganlari dardni yengillatmasa ham odamni sayratadi. Nihoyat, Elchin tilga kirdi. U Anvarga emas, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirganday so‘zlardi:
— Mening suratim odam... Aslida men ilon bo‘lishim kerak edi. Ularni bo‘g‘ib qiynashim lozim edi, qonlarini so‘rib lazzat topmoqchi edim. Men ularning ko‘zlarini o‘ymoqchi edim, tillarini sug‘urib, qo‘llarini sindirib, quloqlariga qo‘rg‘oshin quymoqchi edim. Umrimning mazmuni shu edi... Ilonman, desam... chuvalchang ekanman... men ularni bo‘g‘ib rohat qila olmadim...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:09:58
— Yig‘la, to‘yib-to‘yib yig‘la, juda yarashar ekan, — dedi Anvar kesatib.
— Anvar, sen indamay o‘tirib quloq sol. Meni ahmoq qilishmoqchi. Jamshidning o‘limini mening bo‘ynimga ilishmoqchiga o‘xshaydi.
— Jamshiding kim?
— Asadbekning sodiq qullaridan edi. Men uni o‘ldirishim kerak edi.
— Sen? Nima uchun?
— Shuning uchunki... u... u... Haromi...
— Bo‘ldi, tushundim.
— Ha... tushunding... Uni o‘ldirishibdi. Xuddi Shilimshiqqa o‘xshatib...
— Shilimshiq kim?
— Indamay o‘tir, dedim senga... Shilimshiqni men o‘ldirgan edim. Qara-ya, uni qarmoqqa o‘zlari ilintirib, shunday tayyorgina qilib menga tortiq qilishuvdi. Nimaga shunday qilishganiga o‘shanda aqlim yetmabdi. Maqsadlari Jamshid ekan... Zaynab shu haromini yaxshi ko‘rar ekan. O‘zini osibdi-ya!..
— O‘libdimi?
— Yo‘-o‘q... u o‘lsa hozir men bu yerda o‘tirmas edim. O‘ligim axlatxonada yotgan bo‘lardi. Zaynab tirik ekan, men tirikman. Men uni... yaxshi ko‘ra boshlagan edim... Odam kepatasiga kira boshlagan edim... Balki u alam ustida yolg‘on gapirgandir, a? Lekin baribir dilni yaraladi. Bu yara tuzalmaydi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:10:35
— Agar qotillikni sening bo‘yningga ilishmoqchi bo‘lishsa, aytish kerak.
— Kimga?
— Kimga? — Anvar o‘ylandi, birdan esiga Zohid tushdi. — Akamning bir shogirdi prokuror bo‘lgan. Halol bola. Olib boraymi?
— Yo‘-o‘q, aralashtirma uni. Men Asadbekdan qo‘rqmayman. Oxirigacha olishaman. O‘lsam o‘larman, o‘lishim aniq, ammo orqaga chekinish yo‘q. Quy yana.
Elchin piyola bo‘shatib o‘rnidan turdi.
— Bo‘sh kelish yo‘q, og‘ayni, sen gaplarimni unut. Dardimni senga to‘kdim, o‘rniga adovat urug‘ini sepdim. Bu urug‘ hademay unib chiqadi, ko‘rasan.
    Elchin shunday deb bir oz gandiraklagan holda uydan chiqdi. Anvar kuzatib qo‘ymoqchi edi, unamadi. Shu bo‘yi yarim tungacha tentirab yurdi.
    Anvar ertalab barvaqtroq yo‘lga chiqib prokuratura tomon ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 26 Oktyabr 2007, 18:12:06
V  b o b

1

    Pivoxonadan chiqib mashinaga o‘tirishgach, Hamdam hamrohlariga saqich uzatdi:
— Pivoning hidini oladi. Har holda ishga borarsizlar, a?
Mashina o‘rnidan jilgach, Zohidga qarab dedi:
— Namozovning uyida yaqin orada bo‘ldingmi? O‘sha ko‘chadan o‘tib ketaylik.
Zohid uning maqsadini Sharif Namozov yashaydigan ko‘chaga burilishganda angladi. Lola ko‘chasida ko‘krak kerib turgan imoratlar qatorida bostirmaga o‘xshab g‘aribgina ko‘rinuvchi uy oldi qurilish maydoniga aylangan edi. Yog‘ochlari chiriy boshlagan eski darvoza endi temirdan bo‘libdi. Suvoqdan chiqqan boloxona esa savlat to‘kib turibdi. Peshtoqsiz uy tomi ochib tashlangan, oftobning o‘tli nafasiga qaramay, ustalar ishlashyapti. Mashina uy qarshisidan o‘tayotganida sekinladi, ammo Hamdamning buyrug‘i bilan to‘xtamadi. Darvoza oldida Nasiba qo‘shni ayol bilan suhbatlashib turar edi. Eri qamalib chiqqanidan beri, ayniqsa katta qurilish boshlanganidan beri atrofdagi har bir harakatga cho‘chibroq qaraydigan bo‘lib qolgan bu ayolning sekinlab o‘tayotgan «Volga»ni sezmasligi, Zohid bilan Hamdamni ko‘rmasligi mumkin emasdi. Nasiba ularni ko‘rdi, tanidi. Gapirayotgan gapidan adashdi, rangi o‘zgardi. Qo‘shni ayol buni sezdi. «Nimani ko‘rib bunchalik o‘zgardi?» degan muammo bilan orqasiga o‘girildi.
    Hamdamning rejasida Nasibaga duch kelish ko‘zda tutilmagan edi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: Murod_bek 27 Oktyabr 2007, 08:50:32
— Bizni ko‘rgani yaxshi bo‘ldi, — dedi u. — Eri kelishi bilan aytadi. Namozovning tinchi buziladigan bo‘ldi.
— Bugun nechta arining uyasiga cho‘p suqding o‘zi?— dedi Soliev kulib.
— Men manovi odil prokurorga haqiqat qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edim. «Bu odam olim ekan», deb bino qo‘ygan edi. Mana, olimning ahvoli. Olimda ham jig‘ildon bor, jigarim. Senga maslahatim: buni ham tinch qo‘yma. Burchakka siqib olib boraver. Shunday sayrab beradiki... Asadbek qafasga tushib qolganini o‘zi ham bilmay qoladi.
— Sening ishing oson, — dedi Soliev. — Ko‘rding, giribonidan bo‘g‘ding, qafasga tiqding.
— Hamdam aka qadim zamonda mirshab bo‘lishlari kerak edi, — dedi Zohid, mayorni quvvatlab. — O‘g‘rini ushlardilaru qo‘llarini kesardilar, tamom-vassalom.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: Murod_bek 27 Oktyabr 2007, 08:51:15
— Qadim zamonda sen o‘ylaganchalik bo‘lmagan, — deb e’tiroz bildirdi mayor Soliev. — Jinoyatchini qozi so‘roq qilgan, guvohlarni eshitgan. Gunoh aniq isbotlanganidan keyin jazo bergan. Kattagina podsholik zindoniga nari borsa o‘ttiz-qirq odam sig‘adi. Temur zamonasida o‘g‘irlik degan narsa unutilgan ekan. Bir bola boshiga bir tovoq oltin qo‘yib mamlakatning kunchiqar chegarasidan piyoda yurib kunbotardagi chegarasiga yetguncha yigit yoshiga yetarkanu ammo tovoqdagi oltinga birov tegmas ekan. Bundan xulosa shuki, qadim zamonda hukm qat’iy bo‘lgan. Odamlar gunohlari uchun qanday jazo olishlarini bilganlar, bilganlari uchun qo‘rqib, o‘zlarini tiyganlar. O‘g‘irlik qildimi, gunohi isbotlandimi, tamom, qo‘li kesiladi. Boshqacha jazo bo‘lishi mumkin emas. «Bu o‘g‘ri bekning amma-xolasiga jigar ekan, jazoni yengillashtiring, iltimos, qo‘liga igna sanchib qo‘ya qoling» deyilmagan. Yaqinda bir yigitcha «o‘tmishda temir qoshiq bo‘lmagan, shavlani qanday yeyishgan, a» deydi. Senlarning gaplaring ham o‘sha bolanikidan qolishmaydi. Nazarlaringda odil sud o‘n yettinchi yildan keyin paydo bo‘lgan, a?
— Endi biz bilganimizni gapiramiz, aka, — dedi Hamdam. — Lekin qadim zamonda faqat adolat bo‘lgan, degan gapingizga qo‘shilmayman. Gunohni isbotlash uchun ikkita guvoh kerakmidi? O‘sha zamonda ikkita ahmoq, ikkita g‘alamis, ikkita ig‘vogar topilmagan, deysizmi? Minglab kallalar o‘sha g‘alamislarning guvohligi bilan uzilgandir? Zindonda kam odam bo‘lishiga boshqa sabab bordir. Podsholar jinoyatchilarni qayta tarbiyalash bilan shug‘ullanishmagandir. Jinoyat qanday jazoga loyiq? O‘limgami? Kesilsin, osilsin, chopilsin, tamom! «Besh yildan o‘n yilgacha axloq tuzatish koloniyasiga yuborilsin» degan gap bo‘lmagan, deyman, a? Ular to‘g‘ri qilishgan. Mana, Asadbekni yuz yil axloq tuzatish koloniyasida saqlang, foyda bo‘larmikin?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: Murod_bek 27 Oktyabr 2007, 08:52:54
— Adashganlar-chi? — dedi Zohid, uning gapini bo‘lib.
— Adashganlarmi? — Hamdam bir oz o‘ylandi. — Agar chindan ham adashgan bo‘lsa, kechirish kerak. Agar adashgan odam qamalsa, o‘ndan biri tuzaladi, bir qismi alamzada bo‘ladi, bir qismi qamoqdagi «jinoyat malaka oshirish kursida» ta’lim olib chiqadi. Lekin kim adashdi, kim astoydil tavba qildi, bilib bo‘lmaydi-da. Sen rahm qilgan odamni bittasi shu Namozovmi? Endi u tamom bo‘lgan olim. Halqumini harom qildimi, endi nafsini o‘lsa ham tiymaydi.
Mashina depara ichki ishlar bo‘limi qarshisida to‘xtab, Hamdam tushib qoldi. Ko‘p o‘tmay mayor Soliev mashinani to‘xtatdi. «Hamdam bilan qiladigan ishim bor», deb u ham tushdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 10:59:25
2

    Zohid Chuvrindi bilan uchrashuvga tayyorlanish uchun atayin barvaqtroq kelayotgan edi. U Mahmud Ehsonovni Elchinning to‘yida ko‘rgan edi. U haqda juda oz narsa bilardi. Bilganlarining qay biri haqiqat, qay biri mish-mish, hali farqiga bormagan edi. Dastlabki uchrashuv chigalni yechishdagi dastlabki urinish bo‘lmog‘i mumkin. Zohid shu sohaga kirganidan beri ko‘p odamni so‘roq qildi. Lekin bugungisining boshqacharoq bo‘lishini ko‘ngli sezardi. Har holda laqabi «Chuvrindi» bo‘lgani bilan kissavur yoki yo‘lto‘sar emas, hatto, bu olam iborasi bilan aytilganda, «torpedo» — bir-ikki puldorni himoya qiladigan zo‘rlardan ham emas. Asadbeklar haqida so‘z ketguday bo‘lsa, mayor Solievning unga hamisha yuqori baho berishi bejiz emasdir.
    «Tarozi pallasini u tomon bosib turibdi, — deb o‘yladi Zohid. — Men ular haqida oz narsa bilaman, ular esa meni besh qo‘lday yaxshi bilishadi. Hatto akamning qotillarigacha bilishadi. Men ularni jinoyatchi deb gumon qilyapman. Menga tegishli tarozi pallasida faqat gumon bor. Gumon pufakka o‘xshaydi. Shishib, bahaybat tus olaverishi mumkin, ammo tosh bosmaydi. Aksincha, vaqti kelib yorilsa, odamni sharmanda qiladi».
    Zohid shu xayollar bilan idorasiga yaqinlashib, Anvarni ko‘rdi-yu, ajablandi. Hatto «biron kori hol bo‘ldimikin?» deb xavotirlandi.
— Habib aka tinchmilar? — deb so‘radi salom-alikdan so‘ng.
— Habib akangizning ishlari besh. Maskovdan nari Londonga jo‘nab qolibdilar. Xalqaro akademiyaga a’zo bo‘ladilar, degan xabar eshitdik.
    Zohid Anvarni ichkari boshlamoqchi bo‘ldi. Anvar ishga shoshayotganini bahona qilib, unamadi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:00:05
— Kecha bir gap eshitib, shuni aytgani kelgan edim, — dedi u, soatiga qarab olib. — Tunov kuni bir odamni osib o‘ldirib, yoqib yuborishgan ekan, eshitgandirsizlar?
— Eshitdik, — dedi kulimsirab Zohid.
— Ha-ya, — dedi Anvar ham kulimsirab, — sizlar eshitmagan, bilmagan gap bo‘lmaydi-ku. Xullas, o‘sha yigit Asadbekning odami emishmi?
— Shunaqa mish-mish bor.
— Aniq gap emasmi, hali?
— Isbotlanmagan gap biz uchun mish-mish.
— Xo‘p, mish-mish bo‘lsa bo‘la qolsin. Mening bir jonajon do‘stim bor, Elchin, eshitganmisiz? O‘sha Asadbekning kuyovi bo‘lgan. O‘n yil o‘tirib keldi.
— Eshitganman.
— Lekin begunoh qamalganini bilmaysiz. Xotinini o‘ldirmagan edi.
— Tuhmat bilan ketganmidi?
— Balki tuhmatmasdir. Aybni bo‘yniga olgan, u o‘jar. Nimaga shunday qilganini men ham tushunmayman.
— Bo‘yniga olgan bo‘lsa... balki jahl ustida yoki kayfda...
— Yo‘-o‘q, unaqa bolamas u. Odam o‘ldirolmaydi. Odam o‘ldirish oson ekanmi?
— Qiyinmi?
    Anvar «kalaka qilyaptimi yo jiddiy so‘rayaptimi?» deb o‘ylab Zohidga qaradi. Zohidning ko‘zlarida quvlik nishonasi yo‘q edi. Shu sababli savolga javob berolmay o‘ylashga majbur bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:00:54
— Bilmadim, — dedi nihoyat. — Har holda qiyin bo‘lsa kerak. Odam qo‘y emas, pichoqqa bo‘ynini tutib beradigan... Gapning qisqasi, Asadbek kuyovidan gumonda ekan.
— Qanaqa gumon?
— Tushunmadingizmi? Mening o‘sha o‘ldirilgan odamimda qasding bormidi, deganday qilibdi.
— Nima uchun gumonsiraydi?
— Hayronman... bilishimcha, Noilaning o‘limida uning ham hissasi bo‘lgandir-da.
— Buni do‘stingiz aytdimi?
— Yo‘q, bu o‘zimning gumonim, — Anvar shunday deb Zohidning jiddiy tikilib turgan ko‘ziga qarab, kulimsiradi.
— Nimaga kulyapsiz? — dedi Zohid ajablanib.
— Yaxshi ham xonangizga kirmaganim. Tikka turib olib shunchalik so‘roqqa tutyapsiz, ichkarida kechgacha tergov qilarkansiz-da, a?
— Ishimiz shunaqa-da, xafa bo‘lmang.
— Hazillashdim. Bu yerga kelishimdan maqsad — o‘sha o‘lim bilan shug‘ullanadigan odamni tanisangiz tayinlab qo‘ysangiz, Elchindan gumon qilib yurmasin, ig‘volarga uchmasin. Asadbekdan har baloni kutish mumkin-da. Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotar ekan, ko‘zi ochiqlar ikki marta yo‘qotmasin, tag‘in.
— Yaxshi, aytib qo‘yaman. Lekin... o‘rtog‘ingizni so‘roqqa chaqirishga to‘g‘ri keladi-da.
— Nima uchun?
— Haqiqatni oydinlashtirish uchun. Uni gumondan xalos etish uchun.
— U odam o‘ldirilganida Elchin Farg‘onada edi. Kecha keldi. Men o‘zim ikki marta uyiga bordim. Darvozasi berk edi.
— Siz xavotir olmang, begunoh odamni gumonga qurbon qildirib qo‘ymasmiz.
Anvar xayrlashib, iziga qaytar chog‘ida Zohidning savollarini bir-bir eslab, «og‘aynimga yordam beraman, deb ishini chalkashtirib yubordim shekilli», deb kelganiga pushaymon yedi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:01:55
    Zohid uchun esa bu kutilmagan uchrashuv, kutilmagan gaplar kalavani yana chigallashtirdi. «Hamonki Asadbek kuyovidan gumonsirabdimi, bunda bir gap bor, — deb o‘yladi u. — Ajab... nima uchun aynan Jamshidni o‘ldirdi, deb gumon qilyapti? U holda Jalol Komilovni kim o‘ldirgan? Kuyovidan gumonsiradimi, demak... guruhlar urushi emas bu. Unda Maqsud akaning fikrlari to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Guruhlar hali olishuv uchun pishib yetilmagan, olishuvning boshlanishiga asos yo‘q hali. Xo‘sh, unda kim? Balki biron-bir guruh Elchinni o‘ziga og‘dirib olishga harakat qilgandir. Asadbekning gumoni shundadir?...»
    Zohidning xayoli Chuvrindi kelguniga qadar shu muammolar bilan band bo‘ldi. Mahmud Ehsonov ayni aytilgan vaqtda, bir daqiqa nari-beri qilmagan holda keldi. U bilan birga xonaga yoqimli atir hidi ham kirdi. Chuvrindi kun issiq bo‘lishiga qaramay, oq-pushtiga moyil kostyum kiygan, qizil galstuk bog‘lab olgan edi. Sochlarini silliq taragan, o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘iga tilla uzuk taqqan odamni birov «Chuvrindi» deb chaqirsa, kulgili holat yuz berardi.
    Chuvrindi bashang kiyingani bilan harakatida, qarashlarida, hol-ahvol so‘rashayotganidagi ovozida kibr sezilmadi. Uning bu qadar madaniyatli bo‘la olishini Zohid hatto o‘ylab ham ko‘rmagan edi.
   
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:02:34
    Ularning orasida — urinibroq qolgan yozuv stoli. Aslida, hayotning qitmirliklari oldida ojiz qolishmaganida ilm bobida bahs yuritishi mumkin bo‘lgan ikki odam prokuratura mahkamasida yuzma-yuz o‘tirar edi. Yuzasi issiq choynak izlaridan dog‘langan bu stol juda ko‘p odamni ko‘rgan, ammo ilm ko‘chasidan nari ketishga majbur bo‘lganlarning uchrashuviga endi guvoh bo‘lgandir. Ularning taqdirlarida yuzma-yuz kelish bor ekan. Ma’lum bir nuqtada ilm ko‘chasidan burilmaganlarida edi, ayni fursatda qaysi bir ilmiy kengashda davrning muhim ilmiy muammosi bo‘yicha bahs yuritgan bo‘larmi edilar. Zohid yarim yo‘lda boshqa ko‘chaga burildi. Chuvrindi hali ilm ko‘chasiga yaqin ham kelmagan edi. Katta shaharga o‘qirman, degan umidda keldi-yu, boshqacha «o‘qish»ga kirib qoldi. Bu «o‘qish»ni a’lo darajada ado etgani uchun «muallim»lari uni o‘z yonlarida olib qoldilar. Uning ziyrak aqli qachondir shu mahkamada so‘roqlarga javob berajagini bilardi. Shu sababli ostona hatlayotganida guvoh sifatida chaqirilganiga shukr qilib qo‘ydi.
— Yolg‘on guvohlik berish qonun bo‘yicha jazolanajagini eslatib qo‘ymoqchiman, — deb gap boshladi Zohid, rasmiy ohangda.
«Baland dorga osilmoqchiga o‘xshaydi-ku», deb o‘yladi Chuvrindi. U Zohidga bir oz tikilib turdi-da, kulimsiradi.
— Yolg‘ondan Xudoning o‘zi asrasin. Yolg‘on guvohlik berish uchun atay kelgan ahmoqqa o‘xshaymanmi?
— Bu yerga faqat ahmoqlar keladi deb o‘ylaysizmi?
Savolga savol bilan berilgan javob Chuvrindini ziyrak torttirdi. Garchi u ayni damda kibrdan uzoq bo‘lsa-da, Zohidni mensimay turgan edi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:03:22
— Aytdim-qo‘ydim-da, — dedi u, hazil ohangiga ko‘chib.
— Rasmiyatchiligimiz shunaqa, uzr, — dedi Zohid, gap ohangida bir pog‘ona pastga tushib. So‘ng qog‘oz-qalam olib, rasmiyatchiligini davom ettirdi. — Ismi sharifingiz, tug‘ilgan yilingiz...
Chuvrindi aytib turdi, u yozdi. Rasmiyatchilik tugagach, asosiy maqsadga ko‘childi:
— Jamshid Sunnatullaev kimingiz bo‘ladi?
— Tanishimning o‘g‘li.
— Nima uchun siznikidan chiqarildi?
Chuvrindi «Bilmaysizmi? Ajab... Men esam Jamshidning uyiga borganingizdan xabardorman. Men bilan mushuk-sichqon o‘ynamang», deganday qarab turdi.
— Otasi ana ketaman, mana ketaman, deb yotibdi. Bilmay qo‘ya qolsin, dedim. Shum xabarni eshitsa, ajalidan oldinroq o‘lardi, shunday emasmi?
— Balki... Otasi bilan yaqin do‘st edingizmi?
— Yaqin desam ham bo‘ladi. Ammo do‘st emas edik. U kishining yoshlari ulug‘roq. Men kooperativ ochayotganimda yordam berganlar. Limonad tsexini birga ochganmiz, desam ham bo‘ladi. Vinzavodda qo‘li gul ustalardan bo‘lgan ekanlar.
Bu gapni eshitgan Zohid yozishdan to‘xtab, o‘ylanib qoldi. «Vinzavod? Qo‘li gul ekanmi?»
— Sexni qachon ochgansiz?
— Ikki-uch yil bo‘ldi. Hammasi qonuniy ravishda bo‘lgan.
«O‘gay onasi qamoqdan chiqarishga ham yordam bergan devdi. Qamoqdan chiqqaniga o‘n ikki yildan oshgan-ku?»
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:03:56
— Jamshidning otasi bilan ham o‘sha kezlari tanishganmisiz?
— Shunaqa shekilli, aniq esimda yo‘q.
— Xotirangiz... yaxshi emasmi?
— Xotiramdan nolimayman, ammo kim bilan qachon tanishganimni aniq eslab qolishim lozim, deb o‘ylamagan ekanman. Bugundan boshlab shu xatoni tuzataman. Bugun — uchinchi iyun, bir ming to‘qqiz yuz sakson to‘qqizinchi yil. Shanba. Soat, — u shunday deb, bilagidagi tilla soatga qarab oldi. — Soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tdi. Prokuror Zohid Sharipov bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldim.
Zohid istehzo bilan jilmayib qo‘ydi.
— Sizga yarashmas ekan.
— Nima yarashmas ekan?
— Maynavozchilik. Undan tashqari, xotirangizga o‘zgartish kiriting, Zohid Sharipov prokuror emas, prokuratura tergovchisi.
— Yaxshi, kompyuterga yozib qo‘yildi, — Chuvrindi shunday deb ko‘rsatkich barmog‘ini chakkasiga tiradi.
— Jamshidni oxirgi marta qachon ko‘rgan edingiz?
— O‘limidan bir kun oldin.
— Yoqilgan murdaning Sunnatullaev ekaniga aniq ishonasizmi?
— Boshqa odam deb o‘ylaysizmi?
— Men hozircha hech nima deb o‘ylamayman. Murda Sunnatullaevniki ekanini qaerdan bildingiz?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:04:32
— Mashinasi turibdi-ku?
— Sizga kim xabar berdi?
— Bilmadim, uyga kimdir telefon qilibdi.
— Notanish odamning xabariga ishondingizmi?
— Mashinasi turibdi-ku?
— Murdaning aftini tanib bo‘lmasdi. Jamshidning alohida belgilari bormidi?
— Qanaqa alohida belgilari?
— Masalan... bir oyog‘i kalta emasmidi?
— Cho‘loq, demoqchimisiz? Yo‘q, soppa-sog‘ edi... — Chuvrindi shunday javob berdi-yu, «nima balo, cho‘loq murdani topishgan ekanmi?» deb ichidan zil ketdi.
— Demak, uni bir kun oldin ko‘rgansiz.
— Ha, bir kun oldin ishda edi.
— Qaerda ishlardi, maktabdami?
— Maktabda nima qiladi? Menda, limonad tsexida ishlardi.
— Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, maktabda duradgor ekan?
— Bilmadim.  Balki  menga  kelgunicha  ishlagandir. — Chuvrindi shunday dedi-yu, ichida Kesakpolvonni so‘kdi: hamisha ishni chala qiladi.
— Sunnatullaev uylanganmidi?
— Yo‘q, ayollarga toqati yo‘q edi. Nima uchun qamalganini bilsangiz kerak. Menga bir yorilib, «tuhmatga qolganman» devdi. Ayollarga ishonmay qo‘ygandi.
— Otasi og‘ir yotibdi, deysiz. Tuzalib ketsa-chi? Sizdan xafa bo‘lmaydimi?
— Avval tuzalsin-chi? U tuzalishi mumkindir, ammo o‘g‘li tirilmaydi-ku? Yo tiriltirish qo‘lingizdan keladimi?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:05:27
— Kelmaydi, ayniqsa yoqib yuborilgan murdani tiriltira olmaymiz. Jamshidda kimning xusumati bo‘lishi mumkin?
— Bilmayman, mo‘min bola edi. Birov bilan janjallashganini ko‘rmaganman.
— Qiziq... Murda yoqib yuborilgan... — Zohid «murdaning buyragi olingan» demoqchi bo‘ldi-yu, «hozir vaqti emas» degan qarorga kelib, o‘zini tutdi. Ikkilanganini bildirmaslik uchun gapini bir maromda davom etdi: — Mashinaga esa tegilmagan. Bu sizga g‘alati tuyulmayaptimi? Qotil nima uchun hech narsaga tegmadi ekan?
— Bu menga emas sizga g‘alati tuyulishi kerak. Siz mendan limonad nima uchun bemaza, deb so‘rang, nima kam solinganini aniqlab, aytib beray.
— Balki bu ajablanarli holni o‘ylab ko‘rgandirsiz, debman. Unda boshqa savolga javob bering: nima uchun murdani o‘likxonadan beruxsat oldinglar?
— O‘likni olishga ham ruxsat kerakmi? Bordik, so‘radik, berishdi, ko‘mdik. O‘lik «qachon meni ko‘misharkin, qachon ruxsat berisharkin», deb maxtal bo‘lib yotmaydi-ku? Murda qochib ham ketgani yo‘q, aniq bir joyda yotibdi, kerak bo‘lsa kavlab olaverasizlar, shunaqa odatlaring ham bor shekilli?
— Bu gapingiz ham to‘g‘ri. Mana, o‘qib ko‘rib, imzo cheking, — dedi Zohid qog‘ozni uzatib, — agar lozim bo‘lib qolsa yana bezovta qilamiz. Xizmatchilik, qotilni topmagunimizcha tinchiy olmaymiz.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:06:18
— Qotilni topishga ishonasizmi? — dedi Chuvrindi qog‘ozga imzo cheka turib.
— Yuz foiz ishonaman, — dedi Zohid qat’iy tarzda. Bu gapdan Chuvrindi miyig‘ida kulimsiragan bo‘lsa-da, Zohidning tik qarashiga bas kelolmay ko‘zlarini olib qochdi.
— Omadingizni bersin, — deb xonadan chiqmoqchi bo‘lganida Zohid to‘xtatdi:
— Ha, aytmoqchi, eksgumatsiya lozim bo‘lsa, sizni yana bezovta qilamiz.
— Tushunmadim?
— Eksgumatsiya... O‘zingiz aytdingiz-ku, murdani go‘rdan kavlab olish-da. Otasi yotgan bo‘lsa, yaqin kishisi sifatida siz qatnashishingiz kerak.
    Chuvrindi «chaqirsangiz qatnasharmiz» deb xonadan chiqdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:09:04
VI  b o b

1

    Roviylar derlar: dunyoda sevintiruvchi biron narsa yo‘qki, ketidan xafa qilguvchi bir narsa kelmasa.
    Tog‘ qishlog‘ining etagidagi g‘aribgina uyda g‘aribgina kun ko‘ruvchi er-xotindangina iborat bu kichik oila boshiga tushgan tashvishlar hech kimning boshiga tushmasin. Ularning dardlarini bayon etmoqqa qalam ojiz. Bu dardlarni faqat tirnoqqa zor odamlargina his qila olishar. Yo‘q, bu er-xotinni Yaratgan farzanddan qismadi. Nikohlaridan bir yil o‘tar-o‘tmas o‘g‘il ko‘rdilar. G‘arib kulbalari sevinchga to‘ldi. So‘ng... sevinch ketidan g‘am kirib keldi. Bu hol oz emas, yana olti karra takrorlandi. Bolalari dam yoshga yetmay, dam endi tili chiqib shirin bo‘lgan mahalda ularni dog‘da qoldirib ketaverishdi. Oxir-oqibat homila nishona bergan damdan boshlab ham umid, ham qo‘rqinch bilan kutadigan bo‘lishdi. To‘rtinchi farzandni yerga qo‘ygach, irim qilib bir-birlarini «Turdi» deb chaqira boshlashdi. Yettinchisida Xudo marhamat qildi. Bir yil emas, roppa-rosa yigirma yil umr berdi. Kelin tushirdilar. Ular nabira ko‘rmoq umidida baxtiyorlik ichra cho‘mib yashay boshladilar. Yettinchi o‘g‘ilning umri ham omonat ekanini ular qaerdan bilishsin! Dunyo abadiy istiqomat joyi emas, balki o‘tkinchi o‘laroq qoluvchi bir kulba ekanini hamma ham vaqtida bilavermaydi. Yozda o‘g‘il xashak o‘rimiga ketdi-yu, izsiz yo‘qoldi. O‘g‘ilning na tirigi topildi, na o‘ligi. Kelin uylarida uzoq yashab qolmadi. Uyiga ketdi. Erining qaytishiga yoki topilishiga umid qilmadi. Kampir «kelinim sabr qilmagani uchun ham o‘g‘lim topilmadi», deb to so‘nggi nafasigacha uni aybladi. Uning nazarida kelin sabr bilan kutsa edi, Ollohga yig‘lab munojotlar qilsa edi, u qaytib kelardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:10:03
    Avval qishning sovuq nafasi sezildi. So‘ng tog‘larning, uning etagidagi qishloqlarning aybini berkitmoqchi bo‘lganday qor yog‘a boshladi. Birinchi qor ularning farzandlariday uzoq turmadi. Bir kunda erib ketdi. Ikkinchisi erinmay yog‘di. Yurganda to‘piqqacha botadigan bo‘ldi. Hali oltmishga bormagan, lekin ko‘rinishi kamida yetmish yoshli chollarga o‘xshab qolgan oila boshlig‘i o‘sha kuni tanchani ochib, ayvondagi joyini ichkari uyga ko‘chirdi. Kelini ketib qolganidan beri ikki-uch kunda bir qozon osishardi. Bugun tanchaga cho‘g‘ zarur bo‘lgani sababli o‘choqqa o‘t qalandi.
Ertalab, xo‘rozlar hali subh kirganidan darak bermay turib ularning qulog‘iga chaqaloq ovozi eshitilganday tuyuldi. Ikkovi ham shirin tush ko‘rganday bo‘ldi. Ovoz tinmadi. Er ko‘zini ochib, qaddini xiyol ko‘tardi.
— Turdi, eshityapsanmi? — dedi. — Chaqaloqning ovozimi yo shamol uvillayaptimi?
— Shamol shunaqa uvillaganmi hech qachon? Qarang-chi, balki mushukdir?
Er o‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Dam o‘tmay eshikni zarb bilan ochib, qo‘lida ko‘rpachaga o‘ralgan chaqaloq bilan ichkari kirdi.
— Turdi, tura qol, tezroq. Birov chaqaloq tashlab ketibdi.
— Voy o‘layin, voy o‘layin, chaqaloqni ham tashlab ketadimi?
Xotin qora chiroqni yoqdi. Er ko‘rpachaga o‘ralgan bolani tancha ustiga yotqizdi. Big‘illab yig‘layotgan chaqaloq birdan jimib qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:10:48
— Nima qildingiz? — dedi xotin qo‘rqib. Chiroqni erining qo‘liga tutqazib, ko‘rpachani ochdi. Chaqaloq munchoq kabi ko‘zlarini mo‘ltillatib unga qaradi. Xotinning nazarida jilmayib qo‘yganday ham bo‘ldi.
— Voy o‘layin, kimning bolasi ekan, a? O‘n kunlik ham emasdir?
— Kimnikiligini qo‘yaver, bizga tashlab ketishibdimi, demak, Xudo shuni iroda qilibdi. Qara-chi, qizmikin yo o‘g‘ilmikin?
— Avval pechkani yoqing. Men sizga kecha aytuvdim yoqing, deb. Tutunidan bezorman, deb o‘jarlik qildingiz.
Uy isidi, bolaning yo‘rgagi yechildi — o‘g‘il ekan.
— Turdi, hukumatga bildirib qo‘ysammi? — dedi er.
— Hukumatga bildirsangiz nima, bildirmadingiz nima? Bildirib turib bervorarmidingiz. Xudo bizga nasib qildi, dedingiz-ku?
    Kun yorishgach, er tashqariga chiqib qordagi izga ko‘zi tushganida yuragi bir narsani sezganday jiz etdi.
— Bir odamning izi qolibdi, — dedi uyga qaytib kirib. — Turdi, bu bola begona emasga o‘xshaydi. Yuragim sezyapti, o‘zimizning nabira bo‘lsa kerak-ov... Kelining yukli edi, bir marta xabar olmading.
— Unaqa demang, xabar olganman. Bir oy bor devdi. Bu emasdir?
— Men qudamnikiga borib kelay.
— Bolani sizlar tashlab keldilaringmi, deysizmi?
— Menda ham kalla bordir. Bunaqa demasman...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:12:36
    U uyiga bo‘shashib qaytdi: kelini o‘n besh kun burun shaharga ketgan emish...
Bolaga Mahmud deb ism qo‘yishdi. Ikki uy naridagi hamsoyalarining kelini emizib turdi. Keyinroq echki sotib olishdi. Bola uch oyli bo‘lganida kelin shahardan qaytganini eshitib, er yana qudasinikiga bordi. «Qizingiz yukli edi, nima bo‘ldi?» deb so‘rab, «bola o‘lik tug‘ilibdi», degan javobni eshitdi. Eshitdi-yu, badaniga muz yugurib, taxta bo‘lib qotib qoldi. Tili gapga kelmadi. Ollohning har narsaga ko‘nikuvchi bu sodda bandasi «o‘lik tug‘ilgan bo‘lsa qaerga ko‘mdinglar, nima uchun bizga xabar qilmadinglar, tirikmi, o‘likmi, bolamizdan zurriyod edi, nima uchun shaharda tug‘di, nimadan uyaldi, bola valadi zino emas edi-ku?..» degan savollarni bermadi. Qudasining gapini og‘ir yukday ortmoqlab, uyiga shumshayib kirib bordi. Bu shum xabar xotinining jonini sug‘urib olganday bo‘ldi. Yaxshi hamki, yig‘i degan narsa bor, shu yig‘i bilan jonini qaytardi. So‘ng qiyomat qoyimni boshlamoq qasdida qudasinikiga otlandi. Er ostonaga turib olib, unga yo‘l bermadi. Chaqaloqqa termulib o‘tirib, tunni bedor o‘tkazishdi.
— Turdi, ularning gapiga ishonma, yolg‘on aytishdi,— dedi er. — Mahmud — bolamizning bolasi, aslida ismini Yodgorbek deb qo‘ysak bo‘larkan.
— Bir qarashdayoq ko‘nglim sezgan, begona emas, o‘zimizning nabiramiz. Siz laqmasiz, ularning gapiga ishonib o‘tiribsiz.
— Ishonmadim, Turdi, hech ishonmadim. Mahmudjonning chap kuragida dog‘ bor, esingdami, bolamizda ham bor edi.
— Burni ham xuddi o‘zi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:13:44
    Bola ulg‘aygani sayin uning yuzlarida, qiliqlarida, gaplarida, ovozida... otasiga o‘xshashlikni topaverishdi. Ayni chog‘da, kelinlarining, kelin-ku, yosh ko‘p narsaga aqli yetmaydi, qudalarining bu qiliqlariga tushunishmadi. «Ostonaga tashlab ketmay, «bola eson-omon tug‘ildi, endi o‘zingiz boqib olinglar, qizimizni bolasi bilan er olishi qiyin» desalar olam guliston edi-ku?..» deb o‘ylab, o‘ylariga yetisholmadi.
    Kunlar, oylar, yillar o‘taverdi. Bola ulg‘ayaverdi. Ota-onasini so‘raydigan bo‘ldi. Ular o‘g‘illarining tirik ekaniga, qachondir qaytib kelishiga ishonishardi. Hatto kelinlariga insof kirishiga, uning ham qaytishiga, bolasini bag‘riga bosishiga ishonch bor edi. «Dadang bilan ayang uzoqqa ketishgan, yaqinda kelishadi», deb bolani aldashar edi. Bir kuni er «Mardonqul shaharda keliningni ko‘ribdi, suyuqoyoq bo‘lib ketgan ekan, restoranda o‘z ko‘zi bilan ko‘ribdi, endi bolamga «onang o‘lgan», deb qo‘ya qolaylik», dedi. Fikr xotinga ham ma’qul bo‘ldi, ammo aytisholmadi.
    O‘n to‘rt yoshga qadam qo‘ygan yili kuz seryog‘in kelib, paxtani terib olish og‘irlashgani sababli quyiroq sinflarning o‘quvchilarini ham safarbar qilishdi. Ana shunda er-xotin xashak o‘rimiga ketib qaytmagan yolg‘iz o‘g‘illarini eslashdi. Ko‘ngillariga bezovtalik oraladi, so‘ngroq bu bezovtalik yurakdagi g‘am toshi bilan bostirildi. Avvaliga Mahmudjonni yubormaymiz, deyishdi. «Paxta siyosati nozik masala, bormasa bolang qamaladi», deb qo‘rqitishgach, noiloj qolishdi. Bolani ko‘z yoshi bilan kuzatishdi. Er ham yig‘ladi, xotin ham yig‘ladi — bolani so‘nggi marta ko‘rayotganlarini ko‘ngillari sezdi. Diydor qiyomatga qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:16:54
    Bolalarni cho‘ldagi bir bostirmaga joylashtirishdi. Ota-onalari bag‘ridan ilk daf’a uzoqlashgan bolalar sovuqda qunishib, bemaza ovqatdan ko‘ngillari aynib, tunlari bir-birlarining pinjiga kirib, tong ottirishardi. Terayotgan paxtalarining tayini bo‘lmasa ham bunda yashashga majbur edilar. Chunki yuqoriga boruvchi ma’lumotlarda falon bo‘limda qirq sakkizta norasida bor deyilmaydi. Bil’aks, «falon bo‘limda qirq sakkiz azamat ob-havo injiqliklarini mardonavor yengib, fidokorona mehnat qilmoqda» deb yoziladi. Qor aralash yomg‘ir tinishi bilan dalaga haydaluvchi bu «azamatlar» kuniga uch-to‘rt kilo emas, qog‘ozda oltmish-etmish kilo terayotganlarini bilmas edilar. «Yegan ovqatlaringga loyiq termayapsanlar!» degan minnatdan tezroq qutulib, uyga tezroq qaytish ilinjida shu bostirma ostida yashardilar.
    O‘n sakkizinchi kuni Mahmud lanj holda turdi. O‘ng biqinida og‘riq sezdi. Ko‘ngli aynib, qayt qildi. Nonushtada ishtahasi bo‘lmadi. Isitmasi ko‘tarildi. Sinf rahbariga ahvolini ma’lum qilgan edi, u: «Dalaga chiqsang, tuzalib ketasan, o‘g‘il bola chayir bo‘lishi kerak», dedi. U chayir bo‘lish uchun yana uch kun shu ahvolda yurdi. Biqinidagi og‘riq kuchaydi. Ovqat yemayotgani uchun holdan toydi. To‘rtinchi kuni saharda, hamma uxlab yotgan mahalda o‘rindan turdi-yu, katta ko‘cha sari yurdi. Yomg‘ir shivalab turgan edi: birpasda mushuk boladay ividi. Katta, og‘ir etigini sudrab biron mashina ko‘rinib olib ketarmikin, degan ilinjda yuraverdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:22:16
    Nihoyat, mashina chirog‘i ko‘rindi. Mashinaga qo‘l ko‘targani esida, chiroq nuridan ko‘zlari qamashgani, boshi aylangani ham esida, qolgani yodida yo‘q.
    Mashinadagilar bolani ko‘rishgan, ammo to‘xtash niyatlari yo‘q edi. Haydovchi yonida o‘tirgan odam birdan baqirib yubordi:
— To‘xta! Nima balo, turtib yubordingmi?!
— Yo‘g‘-e, — dedi haydovchi tormozni bosib, — chetda turuvdi-ku?
— Yiqildi bola.
Ular tushib, behush yotgan Mahmudni mashinaga olishdi. Yo‘lni o‘zgartirib, kasalxona tomon yurishdi.
    Mahmudning jigari shishib ketgan edi. Tabiblar avvaliga «tuzalishiga umid yo‘q», degan to‘xtamga kelishdi. Agar uyiga yaqin yerda bo‘lganida shunday deb ota-onasini chaqirib berib yuborishardi. Mahmudning baxtiga uylari yuz chaqirimning nari-berisida edi. Buning ustiga u «paxtadan qochganim uchun qamab qo‘yishmasin», deb qo‘rqib, kimligini, qaerda yashashini noto‘g‘ri aytgan edi.
    Sinf rahbari Ehsonov uyiga qochib ketdi, deb xotirjam, buvasi, buvisi esa «bolam paxtada» deb o‘ylashardi. Shu bois uni qidirish hech kimning xayoliga kelmas edi.
    Bu orada, hech kutilmaganda, butun g‘am-alamlarni birga baham ko‘rgan, bir-biriga suyanib yashayotgan er-xotin oldinma-keyin boqiy dunyoga rixlat qildilar. Ajablanarlisi shuki, kasal bo‘lib yotmadilar. Avval Er ketdi. Tungi uyqusi abadiy uyquning debochasi ekanini bilmay ketdi. Kechqurun yotdi-yu, tongda uyg‘onmadi. Erning yettisi kuni aytib yig‘layotgan Xotinning nafasi qaytdi, behush yiqildi. Bir soatcha alahsirab yotib, joni uzildi. Hirqirab yotgan holida «bolam!» dedi-yu, tilini tishladi...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:26:13
    Xuddi o‘sha kuni Mahmudning sog‘aya boshlaganini bilib, tabiblar ajablanishdi. Davolayotgan tabibni tabriklashdi. «Buni dissertatsiya qilish kerak», deb maslahat berishdi.
    Yaxshiki, maktab bolalarining baxtiga yil o‘ttiz birinchi dekabrda yakunlanadi. Agar yil dekabrda emas, o‘ttiz birinchi yanvarda oxirlasami, ular yana bir oy qor bosgan dalada shumtirab yurar edilar. Qo‘llari, yuzlari yorilgan bolalar o‘ttizinchi dekabrda uylariga qaytdilar. Ana shundagina Mahmudning yo‘qolgani ma’lum bo‘lib, qidir-qidir boshlandi.
    Sinf rahbari topib kelganida Mahmud ancha sog‘aygan, oyoqqa turib qolgan edi. Sinf rahbari bu bevosh bolani urishdi, so‘kdi, gina qildi, oxiri buvisi bilan buvasidan ajrab qolganini ma’lum qilib, iziga qaytdi.
    Sinf rahbari o‘quvchisining sog‘-salomat ekanini bilib, ko‘ngli tinchidi. Shum xabarni aytib, o‘z yelkasidagi tashvish tog‘ini murg‘ak vujudga, murg‘ak yurakka ag‘darib ketdi. Ajdodlarimiz falakning aylanishiga qarab, o‘n ikki muchalni belgilab, har muchalga jonivorlar nomini berganlar. Deydilarki, kim qaysi muchalda tavallud topsa fe’li o‘sha jonivorga o‘xshab ketadi. Agar shu rost bo‘lsa, yana bir — o‘n uchinchi muchal joriy etilib, befarosatlarni shunga jamlamoq va bu muchalga eshakning nomini bermoq durust bo‘larmi edi. Agar shunday qilinsa, sinf rahbari shubhasiz eshak yilida tug‘ilgan bo‘lar edi.
    Shum xabarni eshitganidan so‘ng Mahmud ikki kungacha o‘ziga kelolmay yurdi. Uchinchi kuni shomdan so‘ng oyoqlari uni beixtiyor kasalxona yaqinidagi temir yo‘l sari boshladi. Buvasi va buvisi qabrini, qishloqni, uyni ziyorat qilish degan tushuncha hali unda yo‘q edi. U faqat bir narsani — yolg‘iz qolganini his etardi. Yolg‘izlik chorasini shahardan izlamoqchi bo‘lgan edi. Balki onamni toparman, balki otam ham shahardadir, degan umid uni kasalxonadan yetaklab chiqdi. Uning nazarida shahar — ma’murlik qasri edi. Barcha mehribon, saxovatli odamlar, donolar shaharga to‘plangan, deb hisoblardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:28:41
    Vagon og‘asi «onasini izlab ketayotgan» kasalxona kiyimidagi bolaga rahm qilib, tushirib yubormadi. Aksincha, bo‘lmasiga olib kirib, choy-non bilan siylagach, boladagi «hamma yaxshi odamlar shaharda» degan fikr qat’iylashdi. Ammo shohbekatda unga birov qaramadi, e’tibor ham bermadi. Nima qilishni, qaerga borishni bilmay, kun bo‘yi shu bino ichida sanqib yurdi. Bir-ikki tashqariga chiqdi, kasalxonaning yupun kiyimida sovqotib, tez iziga qaytdi. Qorni ochdi. Kasalxonada qog‘ozga o‘rab olgan ikki burda nonni yedi. Qorong‘i tushganida sillasi qurib, o‘rindiqqa cho‘zildi.
    Haydar (unda «Kesakpolvon» «unvoni»ga musharraf bo‘lmagan edi) o‘sha kech «ov»da edi. Kasalxona kiyimida g‘ujanak bo‘lib yotgan bolaga avval e’tibor bermadi. O‘lja qidirib bir oz aylangach, bolani turtib uyg‘otayotgan militsionerga ko‘zi tushdi. Bolani bu yerga daydib kelib qolganini darrov sezib, uni qutqarmoqchi bo‘ldi. Tez-tez yurib yaqinlashdi-da, qaddini ko‘tarayotgan Mahmudni yelkasidan quchdi.
— Kalla pishdimi, bratishka, — dedi xuddi yaqin odamini suygandek, so‘ng militsionerga qaradi: — Bu mening ukam, tobi yo‘q, shahardagi do‘xtirga ko‘rsatgani olib kelganman.
    Militsioner Haydarni tanirdi, shu bois uning gapiga «ishonib» nari ketdi.
Haydar bolaning yuziga qarab, keyin peshonasiga kaftini bosdi.
— Isitma bor-ku, qayoqdan qochib kelyapsan, chuvrindi uka, — dedi.
Mahmud aytdi.
— Yur, do‘xtirga olib boraman, — dedi Haydar.
«Shaharda yaxshi odamlar ko‘p», deb o‘yladi Mahmud.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:33:20
    Haydarning yoshi katta bo‘lgani bilan novcha, xipchinday qiltiriq Mahmud bilan bo‘yi qariyb baravar edi. Mahmud boshi aylanib yurolmagani uchun uni opichib oldi. Uzun bolani opichib yurish tashqaridan qaragan odamga kulgili tuyular edi.
    Shu-shu ularning taqdirlari bog‘landi. Avval Asadbeknikida yashadi, so‘ng, Asadbek uylangach, Haydar bilan birga turdi. Asadbek qimordan ko‘ra o‘g‘irlik durust, deb hisoblagani uchun Haydar bilan ishladi. Asadbek uni qimorga yaqin yo‘latmadi.
    Ishlar yurishib, bel baquvvatlashgach, uy-joy qildi, uylandi. Onasini ham topdi...
Aniqrog‘i, so‘rab-surishtirib, Haydar topdi. Bir kuni Asadbekka:
— Onasini topdim, ammo shalag‘i chiqib ketibdi, — dedi.
— Ko‘rsatib qo‘y, umidvor bo‘lib yurmasin, — dedi Asadbek.
— Ko‘nglini cho‘ktirib nima qilamiz?
— Ko‘rsin, hayotning qanaqaligini bilsin.
    Haydar Asadbek amrini bajardi. Mahmud onasini sharmandali holda ko‘rdi. Avvaliga ishonmadi. Haydarning dalillari ham kor kilmadi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga borib kelganidan so‘nggina ishondi.
Ishondi-yu, yana bir o‘lib tirildi. Kasalxonada bir o‘lib tirilgan edi, bu safar o‘ldi-yu, boshqa odam bo‘lib tirildi. Dunyo ko‘zlariga jirkanch holda, sassiq balchiq holida ko‘rinib, hamma narsadan nafratlana boshladi. Hatto yaqinlari bo‘lib qolgan Haydar bilan Asadbekdan ham nafratlandi. Onasini bu holda ko‘rsatgani uchun Haydarga nisbatan bo‘lgan nafrati to hanuz so‘nmagan, bu nafrat vujudining allaqaerida uyg‘onmoq uchun xuddi buyrakdagi toshday fursat poylab yotardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:37:32
2

    Prokuratura mahkamasidan chiqqan Chuvrindining ko‘ngli xira edi. U paxtadan qochgan kezlari hayotida ilk marta qamalib qolishdan qo‘rqqan edi. Sinf rahbarining qamoqdagi dahshatlar xususida gapirganlari hamon esida. U damda bu gaplarning aksari lof ekanini bolalar bilishmas edi. O‘qituvchiga ishonishardi, ko‘rqishardi. Birinchi marta Haydarga qo‘shilib o‘g‘irlik qilganida yana qo‘rqdi. Besh-o‘n kun eshik tiq etsa ham militsioner kirib kelayotganday cho‘chib tushaverdi. Keyinchalik bu qo‘rquv ancha chekindi, ammo uni butunlay tark etmadi. Uni hamisha aql bilan ish ko‘rishga majbur etuvchi his ham ana shu qo‘rquv edi.
    Roviylar derlarki, bu aldoqchi hayot kishi bilmasdan yeb-ichib qo‘yadigan zaharga o‘xshar. Kishi zahar borligidan bexabar holda uni ishtaha bilan yer va bilmaski, unda o‘z o‘limi yashirindir. Chuvrindi yeyayotgani asta-sekin ta’sir etuvchi zahar ekanini aniq bilmasa-da, baxtiyorlik ichra yashay turib baxtsizlikka uchramoqdan qo‘rqmoq lozimligini sezib turardi. Omadning fohisha xotin kabi ekanligi, bugun senga kulib tursa, ertaga boshqaga iljayib qarajagi ham unga ayon edi.
    Bugungi tashrif uning uchun aytarli jiddiy ahamiyat kasb etmasa-da, ko‘nglini xira qildi. Bunaqa mahkamalarga hatto shunchaki salomlashib chiqish uchun ham kirgisi yo‘q edi. Zohidning chaqiruv qog‘ozini yirtib tashlab, bu idoradagi tanishlariga sim qoqib qo‘yishi ham mumkin edi. Avvalo ish chuvalashmasin, dedi. O‘jar, haqiqatparast deb ta’riflanayotgan Zohidda shubha uyg‘otishni istamadi. Qolaversa, ruhidagi nafsni o‘ldira olgan tergovchini yaqindan bir ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:39:30
    Asadbek hech yolg‘iz yurmasdi. Bu tabiiy hol. Katta odamning tashvishi ham katta bo‘ladi, atrofidagi xavfi ham. Kesakpolvon atrofidagilarga qadrini namoyish etish uchun, og‘aynisiga taqlid qilib, u ham doimo bir-ikki yigit bilan birga bo‘lardi. Bu guruhda faqat Chuvrindigina yolg‘iz yurardi.   U birovga taqlid qilishni xushlamas edi, qolaversa, gavdasiga, kuchiga ishonardi.
    Shahar markazidagi uch qavatli bino yerto‘lasiga joylashgan qarorgohiga ketaturib mashinasini ko‘p qavatli imoratlar orqasida qolib ketgan mahalla sari burdi. Mahallaga urushdan ilgari asos solingani uchun imoratlari unchalik hashamatli emasdi. U mashinasini suvoqlari ko‘chib tusha boshlagan uy qarshisida to‘xtatdi. Bu uy bir vaqtlar Asadbeklarning makoni edi. Uy egasi bir kechada uyni ham, xotinni ham Asadbekka boy berib, alamiga chiday olmasdan o‘zini osib qo‘ygan edi. Asadbek u bilan qalin do‘st bo‘lmasa-da, o‘zaro yaqinliklari bor edi. Shu sababli uning o‘limidan ham iztirob chekdi, ham jahli chiqdi.
— Ering ahmoq ekan, — dedi ma’rakalari o‘tganidan so‘ng. — Uy ham, xotin ham topiladigan narsa, jon topilmaydi. Kecha yutqizgan bo‘lsa, bugun yutardi. Men unga uyni bo‘shat, xotiningni ber, deb qistalang qilmovdim. Hozir ham bunday demayman. Uy o‘zingga buyursin. Xohlasang erga teg. Faqat eringni qimorga yaqinlashtirma.
    Ayol nima uchundir erga tegmadi, Asadbeklar davrasidan uzoqlashishni istamadi. Dam-badam shu uyda qimorbozlar yig‘iladigan bo‘lishdi. Xotin ularning xizmatini o‘rniga qo‘yib yuraverdi. Umri shu zaylda o‘tib, oltmishni qoralaganda yolg‘izligini his qila boshladi. Bu orada Chuvrindining onasi ham chiroyini, yoshligini boy bera bordi. Bozori chaqqon xonimning ishlari orqaga keta boshladi. Mayxo‘rlik uni odam kepatasidan chiqarib tashladi. Hali u yerda, hali bu yerda xor holida yotib yurganida Chuvrindi uni shu uyga olib keldi. Uy bekasidan «ko‘z-quloq bo‘lib turing» deb iltimos qildi. Chuvrindi uni ona sifatida qadrlamasa ham, odam sifatida rahmi kelardi. Ko‘cha-ko‘yda o‘lib-netib qolmasin, deb xavotirlanardi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:42:49
    U hovliga kirishi bilan ayvon poydevoriga suyanganicha boshini osiltirib uxlab o‘tirgan onasini ko‘rdi. U axlatxonada ag‘anab yotganmi ko‘ylagiga qarab bo‘lmaydi, sochlari to‘zib ketgan... So‘lagi oqib o‘tirgan onasini ko‘rib, ijirg‘andi. Shu xotin endi ellik yoshdan oshdi, desa birov ishonmas edi. Ayvonda uy bekasi ko‘rinib, salomlashgach, izoh berdi:
— Ikki kun ko‘rinmay ketdi. Tilanchilik qilib pul topganmi, bilmayman.
Chuvrindi yonidan pul chiqarib, unga uzatdi:
— Qancha ichsa, shu yerda ichsin, ko‘chaga chiqarmang.
— Sheriklari bilan ichmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi-da. Anavi kuni uchtasini boshlab kelibdi. Xafa bo‘lmang-u, kiritmadim. Qo‘ni-qo‘shnilardan uyalaman-da.
— To‘g‘ri qilibsiz, — Chuvrindi shunday deb, onasiga yana bir qarab oldi. — Telefon qilaman, hali olib ketishadi.
— Qayoqqa?
— Dispanserga.
— Davolab bo‘larmikin buni?
— Davolab bo‘lmasa ham o‘sha yerda yotsin.
Chuvrindi shunday deb chiqib ketdi.
    Uch qavatli bino yerto‘lasida uni Bo‘tqa odatdagidek jilmaygan holda kutib olib, «shu yerdalar» deganday im qoqib qo‘ydi.
Kesakpolvon bilan gaplashib o‘tirgan Asadbek o‘tirgan yerida qo‘l uzatib, ko‘rishdi.
— Zaynab tuzukmi? — deb so‘radi Chuvrindi, uning qarshisidagi o‘rindiqqa o‘tirib.
— Yangang yonida qolgan. Telefon qilsam tuzuk, deyapti. Do‘xtirga yaxshilab tayinladingmi?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:43:33
— O‘zimizning odam. Tuzalgunicha yonidan jilmaydi.
— Prokuror nimaga chaqiribdi?
— U-buni surishtirdi... Jamshid masalasida.
— Kavlayaptimi?
— Ha, endi bir urinib ko‘radi-da.
— Haydar, kavkazliklaringni ro‘para qilmoqchi eding-ku?
— Ular tayyor, prokuror ozgina kavlashtirsin, birdan ro‘para qilsak, xitlashadi. Kecha sho‘pirni iziga tushishdi. Sho‘pir bugun Uchariqdan kelsa, tappa bosishadi. U og‘zidan gullaydi. Hammasini pishitib qo‘yganman. Osh tayyor, o‘zi suzib oladi.
— Kallangni ishlat, osh tagiga olmasin.
Kesakpolvon «bir-ikki marta tagiga oldirganmidim?» demoqchi bo‘ldi-yu, Asadbekning kayfiyati yomon ekanini eslab, indamay qo‘ya qoldi.
— Bek aka, zavoddagi yigitlar xunuk xabar yetkazishdi, — dedi Chuvrindi.
— Yana nima bo‘libdi?
— Sharif qurug‘idan tortayotgan1 emish.
Bu gapni eshitib, Asadbek Kesakpolvonga qaradi.
— Nimaga menga qarayapsan, men o‘rgatibmanmi?
— Yigitlarning gapiga qaraganda, siz qo‘ygan jonon bilan tortarkan, — dedi Chuvrindi.
— Bo‘lmagan gap! U chekmaydi. Ninadan olishi to‘g‘ri, lekin qurug‘idan tortmaydi.
— Mahmud, jonon buniki bo‘lsa ham senga bir ish bor: agar o‘sha o‘rgatgan bo‘lsa, chotini yirib, oyog‘idan daraxtga osib qo‘y. Sharifni do‘xtirga ro‘para qil, tuzatsin.
— Bormayman, desa-chi?
— Borgisi kelmasa, o‘lasi qilib kaltakla. Qon chiqmaydigan joyiga ur. Kaltakdan qo‘rqadi u xunasa.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:45:33
— Qilichning o‘zi durust edi, buni bekorga taltaytirding. Foydasi tegadigan olim, deb yelkangga chiqarib olding. Ana endi o‘zi boshingga o‘tirib olib ko‘llatib yotibdi.
— O‘chir, aqling yetmagan ishlarga aralashma. U bugun bo‘lmasa, ertaga kerak bo‘ladi bizga. Mahmud, do‘xtirdan so‘ra, necha kunda tuzatarkin, shunga qarab, Portugaliyaga borishini hal qil.
Azaldan shu: Asadbek bir ishni amalga oshirmoqchi bo‘lganida Kesakpolvon tushunibmi, tushunmaymi, fikr bildirsa, «aqling yetmagan ishga aralashma», deb shart kesadi. Boshqa odamga bu haqoratday yoki kamsitishday tuyulishi mumkin. Kesakpolvon esa bunaqa jerkishu, so‘kishu, la’natlashlarga ko‘nikib ketgan. Og‘aynisining so‘kkani so‘k oshi, urgani un oshi, deyish noo‘rin, chunki Asadbek unga hech qachon qo‘l ko‘tarmagan. Chuvrindini yoshlikdagi xatolari uchun bir-ikki urgan, ammo Kesakpolvonni chertib ham qo‘ymagan.
    Asadbekning hozirgi jerkib baqirishi sahrodagi qumga singgan tomchiday beta’sir bo‘ldi — oraga noqulaylik cho‘kmadi.
— Jamshidning o‘rniga kimni berasan? — dedi Asadbek Kesakpolvondan.
— Chaqiraymi, shu yerda, — Kesakpolvon shunday deb o‘rnidan turdi. Eshikka yaqinlashib, qiya ochdi-da, Bo‘tqaga imladi.
     Xonaga qoruvli, mushaklari o‘ynab turgan, qalin qoshlari tutash bir yigit kirdi. Saqich chaynab turgan bu yigitning turqi Asadbekka yoqmadi.
— Kavsh qaytarma, bu yer senga molxona emas! — dedi jerkib.
Yigit saqich chaynashini to‘xtatib, ko‘zini lo‘q qilganicha turaverdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:49:57
— Tashqaridagi akang bilan solishsang eplaysanmi? — deb so‘radi Chuvrindi Bo‘tqaga ishora qilib.
— Menga cho‘t emas.
— Shunaqasidan ikkita bo‘lsa-chi?
— Eplashtiraman.
— Nimaga ishonib aytyapsan bu gaplarni?
— O‘zimga ishonaman.
— Hozir chiqib o‘shani majaqlab tashla, desam bajarasanmi? — deb so‘radi Asadbek.
— Majaqla desangiz, majaqlayman, — dedi yigit o‘ylab ham o‘tirmay.
Jamshid bilan dastlabki uchrashuvda ham shunday savol berishgandi. U savolga sukut bilan javob qilgan edi.
— O‘ldir, desam-chi?
— O‘ldirish kerak bo‘lsa, o‘ladi.
— Keyin-chi?
— Keyin... siz nima desangiz shu.
Asadbek o‘rnidan turdi. Yigit bez bo‘lib qotib turaverdi. Asadbek xuddi tashqariga chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo yigitning yonidan o‘tayotganida keskin burildi-da, uning jag‘iga musht tushirdi. Zarbani kutmagan yigit chayqalib ketdi. Nima voqea yuz berganini tushunib yetmasidan qornidan tepki yeb bukchaydi, bukchaydi-yu, gardanidan musht yeb yiqildi.
— Bir qop go‘sht-ku, buning, — dedi Asadbek joyiga o‘tirib. Shu damda yana Jamshidni esladi. Jamshid ham shunday sinalgan, ammo ziyraklik qilib mushtga chap bergan edi.
— Men seni erkak deb yursam, hebbim ekansan-ku, — dedi Kesakpolvon yigitga. — Yana Bo‘tqadan ikkitasini yopishtiraman, deb kerilasan-a?! Bo‘tqa sendaqadan o‘ntasini sixga terib qo‘yadi. Nafas olib, chiqarishga ulgurmay qolasan. Tur o‘rningdan, tuqqan xotinga o‘xshab yalpaymay, tur!
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:51:38
— Bek akamga qo‘l ko‘tarolmayman-ku, — dedi yigit o‘zini oqlamoqchi bo‘lib.
— Qo‘l ko‘tarib ham ko‘r-chi! — dedi Kesakpolvon.— Men senga qo‘l ko‘tar, demadim, hech bo‘lmasa o‘zingni himoya qilmaysanmi?
— Aytmagandingiz-ku?
— O‘zingni himoya qilishingni ham birov aytib turishi kerakmi? — dedi Chuvrindi.
— Bor, ishingni qilaver.
Yigit chiqishi bilan Asadbek Kesakpolvonga savol nazari bilan qaradi.
— Zo‘ri shu edi. Hali yosh, o‘rganib ketadi. Bilib turibman, sen Jamshidga o‘xshaganini xohlayapsan. Yigitlar orasida unaqasi yo‘q boshqa.
— Jamshidni gapirma! — deb baqirdi Asadbek.
Jamshidni ko‘mib kelishganidan beri, ayniqsa qizi Zaynab o‘zini osib qo‘yganidan beri Asadbek yursa ham, tursa ham sodiq yigitini o‘ylardi. Ko‘zini yumdi degunicha, jingalak sochli Jamshid ko‘rinaverardi. Bu holni u o‘tkinchi deb o‘ylardi. Keyingi kunlar ichi Jamshidni o‘limga hukm qilganidan o‘kina boshlagan ham edi. Boshqa odam tomonidan bu ismning tilga olinishi yuragini jizillatib kuydirib turgan cho‘g‘ ustiga sepilgan moy kabi edi.
— Mening oldimda uni eslay ko‘rma!
Ayonlar uning ruhidagi o‘zgarishdan bexabar, hali ham g‘azabdan tushmabdi, deb o‘ylashdi. Shu payt eshik ochildi-da, Bo‘tqa Chuvrindini imlab, «telefonga» deb qo‘ydi.
— Kim ekan, shu xonaga ulavermaysanmi?
Bo‘tqa sirli ravishda bosh chayqab qo‘ygach, Chuvrindi ajablanib, o‘rnidan turdi. Ostona hatlashi bilan Bo‘tqa sekin shipshidi;
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:56:03
— Do‘xtir chaqiryapti. Bek akamdan yashiradigan gapi bor, shekilli?
Chuvrindining nazarida tabibning ovozi titrayotganday bo‘ldi, shu sababli xavotirlanib:
— Zaynab sog‘mi? — deb so‘radi.
— Zaynab-ku sog‘... — dedi tabib mujmal ohangda.— Bolasi tushdi. Shuni Bek akamga o‘zingiz yotig‘i bilan aytasizmi?
— Yangam qaerdalar?
— Qizlarining yonida yig‘lab o‘tiribdilar. Eng muhimi, Zaynab omon qoldi. Xavotir olmanglar, o‘n-o‘n besh kunda oyoqqa turib ketadi. Keyserovo qilamizmi, deb cho‘chib turuvdik, bu yog‘ini Xudoning o‘zi yengillashtirdi.
     Chuvrindi «xayr» deb go‘shakni joyiga qo‘ygach, bir oz o‘ylanib turdi. Tabib o‘zining zimmasidagi og‘ir vazifani uning yelkasiga ag‘dargan edi. U xonaga qaytganida Asadbek ham, Kesakpolvon ham jim o‘tirgan edi.
— Nima gap? — dedi Asadbek Chuvrindining bo‘shashibroq turganini sezib.
— Kasalxonada ekan... Zaynabning sog‘lig‘i yaxshi. Faqat... bolasi tushibdi.
— Nega tushadi? — dedi Kesakpolvon. — Nega yaxshiroq qaramadilaring, demadingmi?
Chuvrindi «nima deyapsiz, esingiz joyidami?» deganday im qoqdi. Asadbek Kesakpolvonga «jim bo‘l» deb qo‘ydi-da, xayolini bir yerga jamlash uchun barmoqlariga tikildi.
    Qizining yukli ekanini bilganidan beri dam-badam tug‘ilajak nabirasini ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘lardi. Shirindan-shirin chaqaloq tushlariga kirardi. «Tushimda yana chaqaloq ko‘rdim», deb suyunganida xotini Manzura labini tishlab bosh chayqab qo‘yar-    di-yu, ta’birini aytmasdi. Ta’biri... demak, shu ekan-da? Asadbek o‘rnidan turib, eshik tomon yurdi. Bir-ikki odim bosgach to‘xtab, Chuvrindiga qaradi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 11:56:43
— Elchinga xabar ber. Shov-shuv qilmalaring. Odamlarning bilmagani ma’qul.
Kesakpolvon kuzataman, degan maqsadda o‘rnidan turgan edi, Asadbek «o‘tiraver, ergashma», dedi. Kesakpolvon ostonaga qadar kuzatib borib «yolg‘iz qoldirmanglar», deb Bo‘tqaga imlagach, joyiga qaytdi.
— Bugun ja jirillab qoldingmi? Prokuror bilmasdan dumingni bosib oldimi? — dedi Kesakpolvon o‘rindiqqa yastanib o‘tirib.
— Bir nimaning hidini olganga o‘xshaydi, — dedi Chuvrindi uning qarshisidan joy olib. — Ochiq aytmadi-yu, ammo sezdirib qo‘ydi. O‘lik cho‘loqmidi?
— Nima?
— Bir oyog‘i kaltamidi?
— Men qayoqdan bilaman, yurg‘izib ko‘rib olibmanmi? Bitta o‘lik topish kerak deding, topib keldim. Endi mening boshimni og‘ritma.
— O‘xshamaganidan topilibdi-da. Bek akam-ku, ishondilar. Prokuror darrov ishonadiganmas.
— Hey, akosi, egasiz o‘liklar taxlanib turgan joy bormi? Yo Haydar akang jingalak soch o‘lik tug‘ib berishi kerakmidi?! Aytaver, sen aytsang, o‘lik tug‘ib bermagan — nomard!
— Jahlingiz chiqmasin, shoshilinchda bo‘lgan ish... Chorasini o‘ylashimiz kerak.
— Sen bola, bir xil paytlarda ja o‘zingdan ketyapsan.
— Haydar aka, siz shu gapni ko‘p aytasiz, men ham bir xil javob beraman: mening maqsadim bir — hammamiz bexavotir yashaylik. Biz qilko‘prikda yuradigan odamlarmiz. Bularning qachon oyog‘i toyib ketarkin, qachon yiqilarkin, deb umid bilan tikilib turgan ko‘zlar mingta. O‘zimiz ehtiyot bo‘lmasak, birov bizni ehtiyot qiladimi, bizga birovning joni achiydimi?
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:00:32
— Bu ishing yaxshi, gap yo‘q! Lekin oshirvorma, bola. Qil ko‘prikda yursak ham qo‘limiz uzun, pastda yiqilishimizni kutayotganlar ko‘p bo‘lsa, tepada qo‘limizdan ushlab qoladiganlar ham bor. Shuni unutma, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni Bekka aytaverma.
— Bek akamga nima debman?
— Bugungi gaping shart emas edi. Sharif masalasini o‘zimiz imi-jimida to‘g‘rilasak ham bo‘lardi. Oraga jononni qo‘shib, meni aybdor qilib qo‘yding.
— Imi-jimida ish qilishga haqqimiz yo‘q. Bek akam hamma narsadan xabardor bo‘lishlari kerak. O‘ng qo‘lning ishini chap qo‘l bilmasa chatog‘i chiqadi.
— Senga aql o‘rgatgan men ahmoq, — dedi Kesakpolvon jilmayishga harakat qilib. — Ehtiyot bo‘l, bola, jag‘ingni ezib qo‘ymayin. Ildizimga bolta uraman, deb urinib yurma.
Kesakpolvon bu gapni hazil ohangida aytayotgan bo‘lsa ham Chuvrindi hazil tagi zil ekanini fahmladi. Ammo sir boy bermaslik uchun jilmayib qo‘yib javob berdi:
— Hammamizning ildizimiz bir. Yashamoq ham birga, o‘lmoq ham birga.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:01:50
3

    Asadbek qizi yotgan xonaga kirmadi. To‘g‘ri, odatda ichkariga erkak zoti qo‘yilmasdi, lekin Asadbek o‘tmoqni ixtiyor etsa, istisno tariqasida bu qoida buziluvi mumkin edi. U qoidani buzgisi kelmadi, demoqlik lofga yaqin gap bo‘lar. Asadbek qizi oldida o‘zini aybdor his qilar, ana shu his Zaynabga ro‘para bo‘lishiga yo‘l qo‘ymas edi. U qizining mungli ko‘zlariga botinib qaray olmasdi. Farzandga ilashgan bir misqol baxtsizlik otaga yuz botmon miqdorida og‘ir baxtsizlik yuki bo‘lib ezajagini qizi yo‘qolib, topilganidan so‘ng his etdi.
    Tabibboshining xonasida o‘tirganida davolovchi tabib tib ilmiga xos tilda xastalik sabablarini bayon qildi. Uning gaplari Asadbekning qulog‘iga kirmadi. U qovoqlarini uyub, bir nuqtaga tikilganicha o‘tirdi. Tabib gapini tugatib, jim bo‘lgach, unga qaradi-da:
— Yangangni chaqir, — dedi.
    Ellik uchinchi yilda ukasi Samandarning hech kutilmaganda shamollab, o‘lib qolishi yuragiga bitmas jarohat solgan edi. Bu jarohat yillar o‘tib ham tuzalmadi. Bil’aks, yaralangan jangchi badanida qolib ketgan temir parchasiday dam-badam qo‘zg‘olib azob berib turdi. Badandagi temir parchasini jarroh olib tashlashi mumkin, ammo yaralangan ruhga davo yo‘q... Birinchi farzandi tug‘ilganida baxtiyorlik dengizi uzra suzdi. Biroq, bu dengizning po‘rtanalari ham bor edi. Bola yo‘talsa yoki isitmalasa Asadbek shaytonlab qolay derdi. Bola tuzalmagunicha ming xayolga borardi. Tanchaning bir chetida yotgan ukasi ko‘z oldiga kelaverardi. Samandarning isitma otashida yonib aytgan so‘zlari qulog‘i ostida jaranglayverardi: «...samalo‘t, qanotiyni pastlab o‘t...»
    Dunyo yuzini ko‘rmay o‘tgan nabirasi yana jarohatini yangiladi...
    Manzura ostona hatladi-yu, qaddini bukib o‘tirgan eriga yaqinlasha olmay, to‘xtadi. Nazarida eri «He, noshud!» deb so‘kib qoladiganday edi. Asadbek xotiniga qaradi, unga rahmi keldi. Manzuraga yaxshi gap aytgisi, ko‘nglini ko‘targisi keldi. Lekin gap topolmadi. Ro‘parasidagi bo‘sh stulni ko‘rsatib, «o‘tir» dedi. Ikkovi anchagacha jim o‘tirishdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:04:21
— Bir oydan keyin o‘g‘illaring kelishadi. Ikkovini baravar uylab qo‘yamiz, — dedi Asadbek jimlikni buzib. Ko‘pdan beri xayolini band etib kelayotgan bu fikrni aynan shu damda, uyda emas, aynan shu yerda aytishiga sabab, xotinining zimiston ko‘ngliga umid chirog‘ini yoqish edi.
— Xudo o‘sha kunga yetqazsin, — dedi Manzura titroq ovozda.
«Hozir yana bir narsa desam yig‘lab yuboradi», deb o‘yladi Asadbek.
— Sen piqillama, hali yosh, istaganicha bola ko‘raveradi.
— Aytganingiz kelsin, iloyim... dadasi... bolani olib  ko‘mish  kerak. Bu yerdagilar  tashlab  yuborishadi.
— Ha, ha, albatta, — Asadbek shunday deb, telefon go‘shagini ko‘tarib, lozim raqamni terdi. Uch qavatli uy yerto‘lasidagi telefonchi qizlar uning ovozini tanib, darrov, xos xonani uladilar. Go‘shakni Chuvrindi ko‘tardi.
— Mahmud, — dedi Asadbek, — Haydar akang bu yerga yetib kelsin. Sen o‘zing Elchinning uyiga borib tur, qabristonga odam yubor. Bolani ko‘mish kerak.
    Shunday dedi-yu, go‘shakni joyiga qo‘ydi — ortiqcha gap-so‘zga hojat yo‘q edi. Tabibboshi darsga kech qolgan boladay eshikni asta ochib, qaradi.
— Kiravering, — dedi Asadbek unga marhamat qilib. — Ayting, bolani tayyorlab qo‘yishsin...
— Olib ketasizlarmi? — dedi tabibboshi ajablanib. — Odatda ko‘pchilik...
— Men ko‘pchilik emasman...
Haydar yetib kelishi bilan Elchinning uyiga jo‘nashdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:05:31
    ...Asadbek qabristonlarda ko‘p marta bo‘lgan. Ammo bu safar o‘zi ham anglamagan g‘alati bir kayfiyatda kirib, g‘alati bir kayfiyatda chiqdi. Ilgari u bahaybat qabrtoshlarga e’tibor bermas edi. Bugun ne uchundir bu toshlar g‘ashiga tegdi. Garchi yer ostida, indamaslar olamida yotganlar bir xil libosda, bir xil ko‘rinishda bo‘lsalarda, ularning tepalari turli holda bezalgan: bir qabr shunchaki somon suvoq qilib qo‘yilgan, boshqasi ustida oq marmar, qora marmar... hatto haykallar... Bo‘y baravar bir haykal qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turibdi. Shom qorong‘usida o‘tgan odam qo‘rqib ketishi hech gapmas — xuddi mayit yer ostidan chiqib «Xush kelibsiz, qani, ichkariga marhamat», deb turganday...
    Bahaybat qabrtosh yonida bolaning qabri bir uyumgina tuproq bo‘ldi. Xuddi bolalar hammompish o‘ynashga to‘plagan tuproqdayin...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:07:03
4

    Quyosh botayotgan mahalda Manzura kasalxonaga — qizi yoniga, Asadbek huvillab yotgan uyiga qaytdi. Uning ko‘ngli yolg‘izlikni istayotgan edi. Tanho qolib, tanholik iskanjasida ezila boshladi. Uyga kirdi, hovliga chiqdi. Xuddi yo‘qotgan bir narsasini qidirayotganday ivirsidi. Kesakpolvonni chaqirtirmoqchi bo‘lganida, darvozaxonada tanish ovoz eshitildi — Jalil! U odati bo‘yicha, birov eshitsa-eshitmasa darvozaxonadayoq gapini boshlab yuborgan edi.
— Sen ham odamga o‘xshab uyingda o‘tirar ekansan-ku, a? — dedi u Asadbek bilan salomlashgach.
— Daydib yurganimni ko‘rganmiding? — dedi Asadbek, uni ayvonga boshlab.
Jalil ikki kishi bemalol sig‘adigan yumshoq o‘rindiqqa o‘tirib, chordana qurib oldi-da, fotiha qildi. So‘ng «shirin so‘zlik» bilan hol so‘radi:
— Ha, tinchlikmi, qovog‘ingdan qor yog‘ib turibdi?
— Qovog‘im joyida, qor yog‘ayotgani yo‘q.
— Bekor aytibsan. Men devor bo‘lmasa ko‘chani ko‘radigan odamman. Manzurang qani?
— Kasalxonada.
— Ana, bilaman-da! Zaynab tuzukmi?
Asadbek «Zaynabning tobi yo‘qligini qayoqdan bilding?» deganday unga ajablanib qaradi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:08:18
— Menga bunaqa qarama. Hovliga o‘tuvdim. Eshitdim. Zaynab o‘zini osib qo‘yganmish. Shu rostmi o‘zi?
— Rost...
— Nima gap o‘tuvdi?
— Hech gap.
— Bekordan-bekor odam o‘zini osarkanmi? Kallangni ishlatib ko‘rmadingmi?
— Sasima. Ishing bo‘lmasin.
— Ishim-ku, bo‘lmaydi, og‘aynichalish. Senga achinaman-da. Har holda qiz o‘rtog‘imsan. Jahling chiqsa ham rost gapni aytaymi?
— Ayt.
— Puli ko‘pning aqli kamroq bo‘larkan. Xudo senga boylik berdimi — berdi. Obro‘ berdi, xullas, nimaiki xohlasang hammasini berdi. Evaziga bittagina ish buyurdi, shuni qilmaysan, a?
— Nima ish?
— Namoz o‘qish-da! O‘qisang o‘lib qolasanmi?
— Vaqt-soati kelar.
— Masjid qurdirganing nimasi-yu, o‘zing namoz o‘qimaganing nimasi?
— Ishing bo‘lmasin, dedim.
— Xo‘p, ishim bo‘lmasa bo‘lmay qo‘ya qolsin. Hozir jahling chiqib turibdi, gap yoqmaydi senga. Lekin bilib qo‘y: mendaqa og‘aynini boshqa topa olmaysan.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:10:00
— Kim o‘zini maqtardi?
— Xo‘p, men ahmoqman. Lekin bilib qo‘y: o‘sha ahmoq oshnang sening faqat buguningni emas, oxiratingni ham o‘ylab gapiryapti bu gaplarni. U dunyoda men jannatda yursamu sen do‘zaxda yursang, menga alam qiladi.
Bu gapni eshitib Asadbek kulimsiradi.
— Nimaga ishshayyapsan? — dedi Jalil achchiqlanib.
— O‘zing namozni qachon boshlading?
— Yarim yildan oshdi.
— Jannatga kirish uchun yarim yil namoz o‘qish yetarli ekanmi? Senga hozirning o‘zida «jannatga kirasan» degan patta berib qo‘yishdimi?
— Sen bola meni masxara qilma. Men yarim yil namoz o‘qib, erta-indin o‘lib beradigan ahmoq emasman. Xudo xohlasa, yuzga kirish niyatim bor. Hassaga suyanib, munkillab yurganingda bir kulayin...
— O‘zing munkaymaysanmi?
— Yo‘q, mening suyagim mehnatda qotgan. Maishatni zo‘r qilgan odam tez munkayadi. Kam yeb, sabr qilib yurgan odam qariganida ham baquvvat bo‘larkan.
— Qariguncha yo‘g‘on ingichkalashib, ingichka uzilarkan...
    Bir oz asabiy holda boshlangan suhbat shu zaylda yumshab qorong‘i tunga qadar cho‘zildi. Jalil Zaynabni ham, bo‘lib o‘tgan noxush voqealarni ham boshqa eslamadi. O‘zining sodda gaplari bilan oshnasining ko‘nglini ovlab o‘tirdi. Uyiga ketishga harakat ham qilmadi. Asadbek ichkaridan ko‘rpachalar olib chiqib, hovlidagi so‘riga o‘rin soldi. Yana allaqancha vaqtgacha suhbatlashib yotdilar. Jalil «ertalab ishga boraman» deb ko‘rpaga burkanganida tun yarimlab qolgan edi.
    «Chindan ham bunaqa oshnani topa olmayman», deb o‘yladi Asadbek.
    Asadbek shu paytgacha hovlidagi so‘rida yotmagan edi. Shuning uchun ham boloxonadagi yigitlar bu tunni yanada sergak holda o‘tkazdilar.

Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:21:16
VII  b o b

1

    Aeroportga kiraverishda yig‘lab turgan ayol Zelixonga tanishday tuyuldi. Bu go‘shtdor ayol turklarni olib ketgan avtobus karvoni iziga ko‘z tikkanicha yig‘lardi. Ichkaridan uzun bo‘yli, qorin qo‘ygan, bashang kiyingan Selim chiqib kelgach, o‘n besh kun ilgari erini jon-jahdi bilan himoya qilgan bu xotinni tanidi.
— Nima qilib turibsan, kir ichkariga! — deb jerkidi Selim.
— Buvimlarni ko‘rdim,— dedi ayol yig‘idan to‘xtamay.
— Ko‘rgan bo‘lsang, yaxshi, tirik ekan. Keyinroq topamiz. Osmonga chiqib yo‘q bo‘lib ketishmaydi, o‘lmay qolganiga quvonsang-chi! — Shunday deb o‘ziga yaqinlashayotgan Zelixonga ko‘zi tushdi-yu, rangi oqarib ketdi: — Zeli og‘a?
— Ko‘rinishing binoyi...— dedi Zelixon unga boshdan-oyoq razm solib.— Uying yonmaganga o‘xshaydi, a? Bo‘ri bilan shunday shartlashganmiding?
Ayol erining qo‘lidan ushladi.
— Yuring, bu yerda turmaylik.
— Sen ichkariga kiraver, qo‘rqma, eringni yeb qo‘ymayman. Buni it yesa, it ham harom o‘ladi.
— Agar yana tegsangiz dod solaman, milisa chaqiraman,— dedi ayol.
— Milisaning eringni himoya qilishdan boshqa tashvishi yo‘qmi? Bor, deyapman, erkaklarning gapiga sen aralashma. Hozir buni chertishdan ham hazar qilaman. Buni urish bilan ish bitmaydi, buni birato‘la otish kerak!
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:24:36
Bu gapdan keyin ayolning esxonasi chiqib, eriga qalqon bo‘lmoqchi edi, Selim uni siltab tashladi:
— Ichkari kir, deyilgandan keyin kir. Bolalarga qara!
Ayol eriga bo‘ysunib, ichkariga kirdi.
— Men bunchalik bo‘larini kutmagan edim,— dedi Selim o‘zini oqlash niyatida.
— Qanaqa bo‘ladi, deb o‘ylovding?
Selim «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Bo‘ri qaerda?
— Bilmayman, uni o‘shandan beri ko‘rmadim.
— Nega ketyapsan, senga tegishmabdi-ku?
— Bilib bo‘ladimi, bugun bo‘lmasa, ertaga...
— Shunday uyni tashlab ketaverasanmi?
— Picha vaqt o‘tsin, tinchisin, kelib sotib ketarman.
— Sotolmaysan.
— Nega, Zeli og‘a?
— Uyingni bugunoq yoqaman.
— Yo‘q, Zeli og‘a, bolalarimga rahmingiz kelsin, meni xonavayron qilmang.
— Seni xonavayron qilib bo‘larkanmi? Nechta chamadon bilan ketyapsan.
— Ko‘p emas,— dedi Selim dovdirab,— oltita. Kichkina chamadonlar.
— Boshqalar,— Zelixon avtobuslar karvoni ketgan tomonga qarab qo‘ydi,— bitta ko‘ylak bilan ketishdi. Og‘am Ismoilbeyga kafanni o‘zbeklar berishdi.
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:25:42
— Og‘am o‘ldilarmi?
— Ha... mening bobomni ham o‘zbeklarning o‘zlari kafanlab ko‘mishgan edi. Shu narsaga aqling yetadimi sening?
— Ha, tushunaman. Yomonlik istashmas edi.
— Yo‘q, tushunmaysan. Tushunganingda oltita chamadonni liq to‘ldirib qochmas eding. Boshqalar bilan birga bo‘larding. Sen xunasani baribir otaman. Qayoqqa borsang ham izlab topib, otaman. To‘pponcham bo‘lganida hoziroq otar edim. Mayli, yana ozgina yashay qol. Ozgina bo‘lsa ham darbadarlik nima ekanini bilib qo‘y.
— Zeli og‘a, unday demang, sizni hurmat qilaman.
— Hurmat qilmay qo‘ya qol. Bor, ichkariga kir, xotiningning yuragi yorilib ketmasin. Sen meni kutgin, bir kunmas-bir kun uyingga kirib boraman. Agar bir balo bo‘lib qamalib ketsam, odam yuboraman. Seni o‘ldirish endi menga qiyomat qarz!
    Zelixon bu gaplarni atayin uni qo‘rqitish uchun aytgan edi. Uning nazarida Selimga bitta o‘q kifoya emas. U bundan buyongi hayotini qo‘rquvda, talvasada o‘tkazishi lozim edi.
    Selim chindan ham qo‘rqdi. Ammo shu onning o‘zida Zelixondan oson qutulayotganiga quvonib, xayr-ma’zurni nasiya qilgani holda ichkariga kirdi. Bundan Zelixonning achchig‘i chiqdi. Ichkari kirib bir adabini bermoqchi ham bo‘ldi. Shu onda qandaydir bir g‘oyibona ovoz: «o‘zing-chi, joningni saqlab qolgan odamga xayr ham demay ketmoqchisan-ku?»— dedi. «Ha-ya,— dedi u o‘ziga-o‘zi,— Yigitaliga uchrashmay ketsam, durust bo‘lmas». Shu qarorga kelib, shaharga qatnaydigan avtobusga o‘tirdi. U Yigitalinikiga bu usti-bosh bilan borib bo‘lmasligini, soqchilar ko‘paygani, shubhali odamlar hibsga olinmog‘i mumkin ekanini bilardi. Shu bois avval Nadyanikiga bormoqni, yuvinib-taranib, so‘ng Yigitaliga uchrashmoqni afzal ko‘rdi...
Nom: Re: Shaytanat (ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:27:00
    ...Eshik darrov ochilmadi. Qo‘ng‘iroqning ikkita qisqa, uchta uzun jiringlashi ham ichkaridagilarga ta’sir etmadi. Qo‘ng‘iroqni qayta-qayta bosavergach, eshik qiya ochilib, sochlari to‘zg‘igan, o‘ng qo‘l barmoqlariga sigaret qistirgan Nadya ko‘rindi.
— Zelya, senmiding? — dedi u xushlamagan bir ohangda.
— Nadulya, mehmonni yaxshi kutib olmayapsan? — dedi Zelixon ichkari kirib, uning beliga qo‘l yuborib,— nima bo‘ldi, tinchlikmi?
— Jonimga tegdilaring, hammalaring! — Nadya shunday deb unga esh bermay, oshxona tomon yurdi. Gaz plitasi ustidagi gugurtni olib, sigaretni tutatdi.
    Zelixon ajablanib, katta xona eshigini asta qiyalatib, ichkariga mo‘raladi: ikki yigit divanda bir-birining yelkasiga bosh qo‘yib uxlab o‘tiribdi, yana biri ustol oyog‘ini quchoqlagan holda qotgan. Dimog‘iga nasha hidi urilib, burnini jiyirdi. Zelixon bu yigitlarni tanimadi. Ichkariga kirib o‘ng tomondagi yotoq eshigini ochdi. Ikki o‘rinli karavotda yotgan, chap qulog‘ining ostidan og‘zigacha tirtig‘i bo‘lgan yigitni darrov tanidi — Fedya. Ustiga bostirib borib, bo‘g‘ib o‘ldirgisi keldi. Lekin bu uyda guvoh borligini eslab, o‘zini tutdi. G‘ijim yostiqqa qarab, zaharli jilmaydi. — Nadyaning hozirgina shu o‘rindan turib chiqqanini fahmladi. Oshxonaga chiqib, uning belidan quchdi.
— Nadulya, bazm zo‘r-ku? Halaqit beribman-da? — dedi uni erkalab.— Bearmon tortishibdi-ku?
— Buning Bo‘ri emas, to‘ng‘izning o‘zi bo‘libdi. Kechadan beri tortishadi. Qayoqdan kelishdi bu boshimga bitgan balolar? O‘zing qayoqda eding? Basharangdan it ham qo‘rqadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:45:37
— Olatasirning ichida yuribman.
— Senga yarashmas ekan.
— Nima yarashmaydi?
— Egasiz uylarni o‘marishni aytyapman. Bu Akademikning ishi emas, yo shunchalik tubanlashib ketdingmi?
    Zelixon «do‘stim bilan birga edim», demoqchi bo‘ldi-yu, «baribir tushunmaydi», deb indamay qo‘ya qoldi.
— Ichasanmi? — dedi Nadya qopqog‘i ochilgan aroq shishasini qo‘lga olib.
— Yo‘q,— dedi Zelixon.
— Men bilan ozgina ich, yuragim tars yorilay deyapti,— shunday deb ikki qadahni to‘latdi-da, birini olib, so‘z aytmayoq ichib yubordi.
— Senga nima bo‘ldi? — dedi Zelixon.
— Nima bo‘lganini sezmayapsanmi? Do‘zaxning eshigi ochilib ketganga o‘xshaydi. Qo‘rqyapman. Xuddi uyimga bostirib kirib, yoqib yuborishayotganga o‘xshaydi.
— Bu yerlarga qachon kelgansan?
— Bu nima deganing? Shu yerda tug‘ilganman.
— Shu yerda tug‘ilsang ham bu odamlarni bilmas ekansan.
— Hozir hech kimni bilib bo‘lmaydi.
— Nadulya, sen bu yerdan ketishing kerak. Istasang, olib ketay?
— Nima uchun?
— Anavilarning iziga tushishgan. Bularga qo‘shib seni ham joylab qo‘yishmasin. G‘alvalarning boshida shular turishdi. Belgili odamlar. Bular qutulib, sen esa tutilib qolishing mumkin. Uyda qo‘rqib o‘tiruvdim, degan gapingga ishonishmaydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:48:02
— Shuni aytgani keldingmi?
— Ha.
— Ovora bo‘libsan, meni hech kim ilintira olmaydi.
— Akademikning gapiga kirmaganlar xor bo‘ladi, bilib qo‘y. Men bekordan-bekorga gapiravermayman.
Nadya bir oz o‘ylandi. Shu payt Zelixon xayoliga yaxshi fikr keldi:
— Nadulya, menga igna ber,— dedi u.
O‘yga botib turgan Nadya bu gapdan keyin ajablanib, unga qaradi.
— Nima qilasan? Sening bunaqa odating yo‘q edi-ku?
— Odam o‘zgarib turadi, Nadulya. Igna ber. Doridan ham ber, ko‘proq ber.
— Ko‘proq? Ko‘proq uchun ko‘proq pul kerak, yaxshi yigit.
— Men sendan qarz bo‘lib qolganmanmi hech? Dorini beru o‘zing ket bu yerdan. Pulni kechki payt olasan. Qaerda bo‘lishingni aytsang bas.
— Shu yerda tur,— Nadya xojatxonaga kirib, eshikni zanjirladi. Bir ozdan so‘ng beshta tsellofan xaltachadagi kukunni uzatdi:
— Bori shu.
— Nadulya, sen mening quyoshimsan! — Zelixon shunday deb tomog‘idan o‘pmoqchi edi, u o‘zini olib qochdi.— Sen ketaver, Nadulya, men Bo‘rining o‘ziga kelishini kutaman. Unda hisob-kitobli ishim bor.
— Hali-beri o‘ziga kelmaydi, rosa tortib, o‘lgudek ichgan. Sen shu yerda tur.
Nadya yarim soat mobaynida narsalarini yig‘ishtirdi-da, bir-ikki kun mobaynida qaerda bo‘lishini aytib, chiqib ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:48:56
    Nadya chiqib ketishi bilan Zelixon ishga kirishdi. Hojatxonaga kirib qoradori kukunini izladi. Nadya, garchi uzoq yillardan beri o‘g‘rilar bilan birga bo‘lsa-da, xotinligiga borgan, hojatxonaga kirib, kukun qaerda bo‘lishi mumkin ekanini bildirib qo‘ygan edi. Zelixonday tajribali o‘g‘ri uchun kukun konini topish og‘ir vazifa emasdi. Katta-kichik turli quvurlar o‘tgan mo‘ri eshigini ochib, diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Uning ziyrak ko‘zi quvurlar ortidagi ingichka, pishiq oq kanopni ilg‘adi. Kanopni asta tortdi. Bir quloch uzunligidagi kanopga pishiq kapron xalta bog‘langan, xaltada esa sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan yigirmaga yaqin xaltachalar bor edi. Zelixon yana beshta xaltacha oldi-da, xaltani joyiga tushirdi. So‘ng chiqib, ro‘molchasini xo‘llagach, qo‘li tekkan eshik tutqichlarini artdi. Keyin kukunga suv qo‘shib, suyultirdi. Fedya yotgan xonaga kirdi-da, har ehtimolga qarshi uning oyoqlarini bog‘ladi. So‘ng rezina ichak bilan bilagini mahkam bog‘lab, qo‘l tomirlarini asta shapatiladi. Tomir bo‘rtib chiqqach, igna sanchdi. Ham nashaning, ham aroqning kayfidan behush yotgan Fedya qimirlab ham qo‘ymadi. Miqdori ancha oshirilgan qoradori tomirdagi qonga qo‘shilib, uni yo‘qlik dunyosiga olib ketmog‘i lozim edi. Katta xonadagi yigitlar qismati ham shu edi. Ishni bajarib bo‘lgach, ularning cho‘ntaklarini kavlab, pullarini ola boshladi. Yerda yotgan yigitning cho‘ntagidan chiqqan tugilgan ro‘molchani yechib, tilla tishlarni ko‘rdi-yu, g‘azabiga chidolmay uning qorniga tepdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:50:29
    Zelixon barmoq izlari tushishi mumkin bo‘lgan joylarni yana bir karra artgach, uydan chiqdi. Shu yaqin oradagi telefonga borib, militsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. «Turklarning uyini yoqqanlar» qaerda yotganligi haqida ma’lumot berdi. Oradan yarim soat o‘tgach, militsiya mashinasi kelib, to‘xtaganini ko‘rib, xotirjam ketdi. Markaziy magazinga kirib o‘ziga yangi ust-bosh oldi, sartaroshxonaga o‘tdi, undan hammomga tushdi. Shundan keyingina Yigitalinikiga qarab ketdi. Yo‘l-yo‘lakay kitob do‘konidan muqovasi chiroyli ikkita qalin kitob sotib oldi.
    Kechagina qiyomat sodir bo‘lgan yerda endi osoyishtalik hukm surmoqda edi. Yongan uylar, ko‘chada yurgan qurolli askarlargina notinchlikdan darak berib turardi. Soqchilar bashang kiyingan, sochlariga oq oralagan, kitob ko‘tarib olgan bu odamni to‘xtatmadilar. Zelixon ham atrofiga alanglab, ularda shubha uyg‘otmadi. Faqat Ismoilbeyning yonib ketgan uyi oldida bir zum to‘xtashga majbur bo‘ldi, teskari qarab o‘tib keta olmadi. O‘sha tomonda Ismoilbey xo‘rsinganday bo‘ldi, so‘ng go‘yo pichirladi: «Qo‘nma bulbul, qo‘nma bulbul...»
    Yigitalining eshigi ochiq edi. Zelixon ichkari kirib, ayvonga yaqinlashgach, ovoz berib chaqirdi. Yigitalining xotini hovli etagida, qo‘yxonada ekan, Zelixonni ko‘rib, avval tanimay bir oz dovdiradi.
— Men qo‘shningiz Ahadbeyning oshnasiman. Anavi kuni Yigitali akam meni qutqarib qoluvdilar, rahmat aytay deb keldim.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:51:15
    Ayol endi uni tanigan bo‘lsa ham darrov javob qaytarmadi. Zelixonning nazarida u nimadandir cho‘chiyotganday edi.
— Yo‘q bo‘lsalar mayli, rahmatimni yetkazib qo‘yarsiz. Yana aytingki, Ismoilbey og‘am olamdan o‘tdilar. Kecha ko‘mdik. Ahadbeylarni bugun samolyotga o‘tqazib olib ketishdi. Joylashib olishganidan so‘ng sizlarga xat yozishadi. Ungacha uylaridan xabardor bo‘lib turarsiz... Xabar oladigan uy ham qolmabdi...
— To‘xtang, u kishim uydalar, dam olayotuvdilar,— ayol shunday deb, shoshilganicha uyga kirdi. Dam o‘tmay boshini oq belbog‘ bilan bog‘lagan Yigitali ko‘rindi. Zelixon uning o‘ng ko‘zi atrofi ko‘karib qolganidan ajablandi. Nazarida burni ham shishganday edi.
— Boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan,— dedi Yigitali, xuddi Zelixon uni ayblaganu endi o‘zini oqlash lozim bo‘lganday.— Yemagan somsaga pul to‘lab keldim. Sizlar bilan xayrlashganimdan beri uyga endigina yetib keldim.
    Yigitali shu ko‘cha boshida soqchilar to‘xtatishganini, tunni tor qamoqxonada o‘tkazganini aytib berdi.
— Shu paytgacha birov «nima uchun yoningda pichoq olib yuribsan?» demovdi. Qarang-a, shu ham qurol hisoblanarkan. Boshimga balo bo‘ldi-da. Avval bir nomard yigitning qo‘liga tushib qoldim. «Bo‘yningga olasan, sheriklaringni ham aytasan», deb turib oldi. «Endi o‘ldim, shu qamoqda chiriyman» deb o‘yladim. Yo‘q, Xudoning rahmi keldi. U nomarddan mana bu,— Yigitali ko‘z ostini silab qo‘ydi,— esdalik bo‘lib qoldi. O‘rniga bir insoflisi so‘roq qildi. Baxtimga mahalladan yo‘qlab borishdi, baraka topishsin. Avtobusda adirga borib kelganim ham baxtimdan bo‘lgan ekan, buni qarang-ki avtobus no‘merini eslab qolgan ekanman. Shopir yigitni bugun erta-mattan topib kelishdi. Shundan keyin chiqarishdi, deng. Shunda ham tilxat yozdirib olishdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:53:18
— Qanaqa tilxat? — deb so‘radi Zelixon.
— Beruxsat hech qayoqqa chiqmayman, deb tilxat berdim. Shu yoshga chiqib, borgan yerim bu yog‘i Marg‘ilon, bu yog‘i Farg‘ona bo‘ldi. Qo‘qon bilan Toshkanni televizorda ko‘rganman, endi qayoqqa borardim?
    Yigitali soddaligiga borib, tuhmat balosidan butunlay qutuldim, deb o‘ylayotgan edi. Bu sohani ipidan-ignasigacha yaxshi biluvchi Zelixon esa do‘ppi tor kelib qolib, aybdorlar topilmasa, yana Yigitaliga yopishishlari mumkinligini his etdi. Shu sababli suhbatlasha turib, u yon-atrofda yashagan turklarning ism-shariflarini so‘rab-bilib oldi. Yigitali Zelixon nima uchun sinchkov bo‘lib qoldi, deb o‘ylab ham o‘tirmadi. U oradan bir oy o‘tib, Ahadbey va boshqa qo‘shnilar nomidan yozilgan minnatdorlik maktubini oladi. Xuddi shunday maktub obkomga ham kelib, matbuotda e’lon qilinadi. Yigitali bu maktublar Zelixon qo‘li bilan yozilib, Kavkazdan jo‘natilganini bilmaydi. Oradan ikki yarim oy o‘tib, yana turmaga tushay deganida shu maktub joniga ora kirgandagina Zelixon bilan bo‘lgan so‘nggi suhbat yodiga tushadi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 12:55:06
2

    Zelixon oxirgi samolyot bilan qaytdi. To‘g‘ri Elchinnikiga kirib, u bilan xayrlashmoqchi, ertalabki reys bilan Adlerga uchib ketmoqchi edi. Elchinning yolg‘iz shumshayib o‘tirganini ko‘rib, ketishga shoshilmadi. Bo‘lib o‘tgan voqealarni eshitgach, boshi qotdi.
— O‘qilonning hiylasiga tan bermasdan boshqa iloj yo‘q,— dedi Zelixon,— buni avval boshdan hisobga olishimiz kerak edi. Oddiy masalaga aqlimiz yetmabdi. Ahmoq odam bu darajaga ko‘tarilmaydi, to‘g‘rimi? Sen bilan men uni ahmoq qilmoqchi bo‘libmiz. Endi sen bu yerlardan ketishing kerak.
— Nima uchun?
— Endi Zaynab senga xotin bo‘lmaydi. Tug‘ib berganida Asadbekning soyasida rohat qilib yashayverarding. Zaynab sen bilan yashamasa, Asadbekka keraging yo‘q. Jamshidning o‘limini sendan ko‘rayotgan bo‘lsa, endi tinch qo‘ymaydi. Bugun bo‘lmasa ertaga o‘ldiradi seni. Lash-lushlaringni yig‘ishtiru men bilan birga ket.
— Siz qayoqqa ketmoqchisiz?
— Hozircha Adlerga. Keyin o‘ylab ko‘raman. Balki ota yurtimga borarman. Balki Sochida dam olarman. Xo‘p, de, men bilan birga ketaver.
— O‘ylab ko‘ray... Shu turishimizda hozir ohanraboning ikki qutbiga o‘xshab qolibmiz. Sizni qon ota yurtga tortyapti, men esam ota yurtni tashlab chiqib ketishim kerak.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 13:00:35
— Safsatangni qo‘y. Ota yurtimning «Zelixon qachon kelarkin?» deb ko‘zi uchib turgani yo‘q. Meni Quvasoyda yoki Farg‘onada ko‘rgan bo‘lishlari mumkin. Anavi xunasa Selim esingdami, shular yolg‘on guvohlik ham berib yuborishdan toymaydilar. G‘alvalardan chetroqda yura turay. Keyinroq qaytib kelaman. Sen ham, men ham og‘ayni, bu dunyoga o‘lim bilan berkinmachoq o‘ynagani kelganmiz. O‘lim to‘r tashlaydi, biz esa chap beramiz, o‘lim yo‘llarimizga qopqon qo‘yadi, biz esa ziyraklik qilib sakrab o‘tib ketamiz. Og‘zimizni ochib lalaydikmi, tamom!
Zelixon shunday deb soatiga qaradi:
— Televizorni qo‘y, «Vremya»ni ko‘raylik-chi?
Bir necha daqiqadan so‘ng Farg‘onadagi fojialar haqida xabar berila boshladi. Muxbir jangarilar tushgan katta yuk mashinasi Qo‘qon sari katta tezlikda borayotganini xavotir bilan bayon qilar edi. Vertolyotdan turib olingan tasvirda kaltaklar bilan «qurollangan» yigitlar ko‘rindi. Muxbir ularning giyohvand ekanliklarini qayta-qayta ta’kidladi.
— Voy galvarslar! — Zelixon shunday deb tizzasiga urdi-da, o‘rnidan turib ketdi.— Eshityapsanmi? Giyohvandlar ekan?! To‘g‘ri, nasha chekib, balki ustidan aroq ham ichib olishgandir bu xumsalar! Qarab tur, ular Qo‘qonga eson-omon yetib olishadi. Keyin o‘sha yerda to‘polon boshlashadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 13:01:25
— Nega jahlingiz chiqyapti, yolg‘on gapiryaptimi?
— Rost gapiryapti! Lekin bu xumsalarni nima uchun to‘xtatishmayapti?! Qara, tepadan vertolyot bilan kuzatib borishyapti. Vertolyotni pastlatsin, bolalarning kayfi uchib qochib qolishadi. Yo‘lga bittagina traktorni ko‘ndalang qo‘ysin, qayoqqa o‘tishadi bular? Sen bankni urib shu yo‘ldan qochgin, qancha yurishga ulgurarkinsan? Yo‘-o‘q, kimgadir kerak bu. Kimdir shu bolalarning Qo‘qonga yetib borishini istayapti. O‘lim to‘rini yoyib turibdi bularga, bular esa nodon qushga o‘xshab o‘zlarini to‘g‘ri shu to‘rga urishadi. Bular to‘rga chap berishni bilishmaydi.
    Zelixon shunday deb televizorga yaqinlashdi-da, mushtladi. Tasvirdagi mashina bir sapchidi-yu, so‘ng yo‘lida davom etaverdi.
— Siz birovlardan gumon qilyapsiz. Kim qiladi bu ishlarni? Qirg‘in kimga kerak?
— Agar siyosatchi bo‘lganimda kallamni ishlatib, senga aniq javob berardim. Men oddiygina o‘g‘riman. Hamisha gumonda yurish mening kasbim. Birovga ishongan kunim men tamom bo‘laman. Bir odamdan eshitganman — siyosatni fohishaga o‘xshatgan. Siyosat birovga vafo qiladigan narsa emas ekan. Shuning uchun ham savollaringga hech kim, hech qachon javob bera olmaydi.
Zelixon bu kech isitilgan kabobdan ozgina yeb, to‘yib aroq ichdi. Ertalab Elchindan ikki ming so‘m qarz oldi-da, Adlerga uchib ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 13:02:53
VIII  b o b

1

    Zelixon televizorni jahl bilan mushtlagan mahalda Asadbek o‘z uyida a’yonlari qurshovida o‘tirar edi. U ham muxbirning gaplaridan g‘ijinib, so‘kindi. Kesakpolvon e’tiborsiz holda, Chuvrindi esa jag‘ini mushtiga tirab, diqqat bilan quloq tutardi. Muxbirning so‘zlari tugab, Maskovdagi Oliy kengash sessiyasi ulandi. Farg‘onaga kelib ketgan rahbar deputatlar talabi bilan so‘zga chiqib tushuntirish bera boshladi. «Janjal qulupnoydan chiqdi», deb ishontirmoqchi bo‘lganida Asadbek uning yetti pushtini o‘qib tashladi.
— Mahmud,— dedi u,— hozir shu televizorni qancha odam ko‘rib turibdi?
— Bir-ikki yuz million bordir? — deb javob berdi Chuvrindi, diqqatini bo‘lmagan holda.
— Bir o‘zi shuncha odamni ahmoq qila olaman, deb o‘ylayaptimi?
— Gapiga ishonmayapsanmi? — dedi Kesakpolvon suhbatga qo‘shilib.
— Sen ishondingmi?
— Ishondim nimayu ishonmadim nima?
— Ha senga baribir. Sen ishqi yo‘q eshak, dardi yo‘q kesaksan.
— Sal pastroq tush,— dedi Kesakpolvon sal ranjigannamo ohangda.
— Pastga tushsam, tushmasam, shunaqasan. Kecha deputatga qo‘shib seni jo‘natsam bo‘larkan.
— Qayoqqa?
— Farg‘onaga?
— Ketdimi? — dedi Chuvrindi, televizordan ko‘z uzib.
— O‘chirib qo‘ya qol,— dedi Asadbek. Chuvrindi buyruqni bajargach, kechagi voqeani aytib berdi: — Kechga yaqin telefon qilib qoldi. «Aka, ahvol chatoq, men bilan Farg‘onaga borib kelmasangiz bo‘lmaydi», deydi hovliqib. «Nima gap?» desam, «yo‘lda tushuntirib beraman, aeroportga kelavering», deydi. Ahmoq bo‘lib boribman. «Siz u tomonlarda ko‘p odamlarni taniysiz. Meni o‘sha yerdan saylashgan bo‘lsa ham hech kimni tanimayman, yonimda yuring», deydi. Qip-qizil ahmoq, o‘sha deputating. Onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatmoqchi bo‘ldimu, joyi emas, dedim.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:17:15
— Men tupurgan tupugimni qaytib og‘zimga olmayman,— dedi Asadbek.
— O‘jarlik qilma, burniga suv kirgandir.
— Mahmud, sen aniqlab ko‘r, nima uchun tushum kamayibdi?
— Aniqlashning hojati yo‘q,— dedi Chuvrindi xotirjam ohangda.— Haydar akam to‘g‘ri gapiryaptilar. U zavodni eplay olmaydi. Qurug‘idan tortishga berilib ketibdi. Xonasiga kirgan odam darrov biladi. Yana tortmayman, deb tonadi. Yeydiganini yedi.
— Do‘xtirga ko‘rsat, devdim-ku?
— Olib bordim. Do‘xtir bir iloj qilamiz, dedi. Lekin do‘xtirdan dorini olib chiqib, bu yoqda yashirincha tortib yuraverishi ham mumkin. Irodasi bo‘sh uning. Agar xo‘p, desangiz bir taklif bor.
— Aytaver.
— Qilichni chiqartirish kerak. Lekin uni o‘rniga qo‘yib bo‘lmaydi.
— Nega? — dedi Kesakpolvon ajablanib.
— Negaki, o‘tirib chiqdi, degan nomi bor. Yana partiyadan o‘chirib qo‘yishgan. Joyiga qo‘ymoqchi bo‘lsak, yuqoridagilar xitlanishadi. Tiklanib olgunicha Sharifga yordamchiday bo‘lib tursin, ammo hamma ishni o‘z qo‘liga olsin.
Asadbekka bu taklif ma’qul bo‘lsa ham «O‘ylab ko‘ray», dedi.
— Ko‘p o‘ylama,— dedi Kesakpolvon.— Zavodga xaridor chiqib turibdi. Og‘zingdagi luqmani oldirib qo‘ymagin tag‘in.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:18:20
— Kim ekan o‘sha xaridor? — dedi Asadbek jerkib.
— Begona emas, ukang Hosil-da. Bir joyda «vinzavod bizga ham nasib etib qolar» deganday gap qilibdi.
— Tushini suvga aytsin,— dedi Asadbek.— Vinzavodga yaqinlashadigan odam hali otasining belida yuribdi.
    Bu gapdan keyin Kesakpolvon bilan Chuvrindi ma’nodor ravishda ko‘z urishtirib olishdi. Ular tashvish buluti Asadbek boshi uzra hamon ko‘lanka tashlab turgani uchun uning jig‘iga tegadigan gaplardan o‘zlarini tiyayotgan edilar. Vinzavod taqdiri ertaga qoldirilmay shu bugunoq hal etiladigan masalalar toifasidan bo‘lgani uchun Kesakpolvon ehtiyotlik bilan shama’ qilib qo‘ygan edi.
    Garchi Asadbek katta ketgan bo‘lsa ham, ayo’nlarining tashvishi bekor emasligini fahm etdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:20:09
2

    Manzura hali ham kasalxonada bo‘lgani uchun oshxona boloxonadagi yigitlar ixtiyoriga berilgan edi. Ular ovqatlanib bo‘lishgach, xizmatdagi yigit dasturxonni yig‘ib oldi.
— Haligi gapni domlangdan so‘radingmi? — dedi Asadbek Chuvrindiga qarab.
— So‘radim,— dedi Chuvrindi, choyni qaytara turib.— Ko‘ngillari nima istasa shuni qilsinlar, kichikroq xudoyi bo‘lsa xudoyi, kattaroq osh bergilari kelayotgan bo‘lsa, unga ham yo‘l bor, beraversinlar, dedi.
— Ha, xudoyi qilmoqchimisan? — deb so‘radi Kesakpolvon Asadbekdan.
— Shunga boshim qotib turibdi. Bir nima qilish kerak-ku? Anavi kuni, Jalildan so‘rovdim. Osh-posh bersammi, desam bobilladi. «Nevarang o‘lik tug‘ilganiga quvonib osh berasanmi?» deydi. Shunga hayron bo‘lib Mahmudga «domlangdan so‘rab ko‘r» devdim. Domla bunaqa deb turibdi.
— Domlaning aytganini qilasiz-da, Jalil aka domla emas-ku?
— Domla emas, to‘g‘ri, lekin odamlar ichida ko‘p yuradi, past-balandni biladi. Sobitxon qorining etagidan ushlab yuradi, u-bu gaplarni eshitib o‘rgangan.
— Bunaqa gaplarni men ham uncha yaxshi bilmayman. Lekin menga qolsa hech nima qilmaganing durust.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:22:08
— Nega?
— Masjid qurdiryapsan, shuning o‘zi yetadi. Xudoyi bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da. Domlalarning gaplariga uchaverma. Ob-havoga o‘xshab gaplari ham o‘zgarib turadi. Xudoyiga borib, osh-ovqatni yeb, ketishida yana cho‘ntakka ko‘z tikib turadigan domlangni men sariq chaqaga ham olmayman.
— Unaqa demang, Haydar aka, ular bersangiz olishadi, bermasangiz ham duo qilib, indamay ketishadi.
— Yonini olma ularni. Bek xudoyi qilsa, o‘ntasi kelib qo‘l qovushtirib turadi. Jalil qilsin-chi, o‘ntasi o‘nta bahona qiladi. Otarchi nimayu ular nima?
— Unchalik emas, Haydar aka, yaxshi bilmasangiz gapirmang.
— Xo‘p, men yaxshi bilmayman. Lekin shunda ham sen bilan garov o‘ynayman. Sen kattaroq narsangni tik. Bek, sen xudoyi qil, o‘sha kuni, o‘sha soatga bitta kambag‘al nomidan domlani ayttiraman. Keyin sen ayttirasan. Qani, kimnikiga kelarkin?
    Agar boloxonadagi yigit tushib, bir odam yo‘qlayotganini aytmaganida ularning bahsi yana picha cho‘zilishi mumkin edi.
— Kim ekan? — dedi Kesakpolvon, ensasi qotib.
— Sobitxon qori nomidan kelganmish.
— Obbo,— dedi Kesakpolvon,— Hizrni yo‘qlayotgan ekansan-da?
— Chaqir, kirsin,— dedi Asadbek.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:22:27
    Dam o‘tmay o‘rta bo‘yli, istarasi issiq, bejirim mo‘ylabli bir yigit kirib, qiroat bilan salom berdi. Asadbek salomga alik olib ro‘parasidan joy ko‘rsatdi-da:
— Qalay, qori yaxshi yuribdilarmi? — deb so‘radi.
— Xudoga shukr, duo deb yubordilar. Qorim... ahvollari picha og‘ir.
— Nima bo‘ldi?
— Yaralanganlar.
— Yaralanganlar? Nimaga yaralanadi?
— Qo‘qondagi voqealarni eshitgandirsizlar?
— Chala-chulpa eshitdik.
— U yerda ham qulupnaydan janjal chiqdimi? — dedi Kesakpolvon kesatiq ohangida.
Yigit gazetaga o‘rog‘liq narsani uzatdi:
— Xohlasangiz ko‘ring.
    Mahmud gazetani ochib, videokassetani oldi-da, savol nazari bilan Asadbekka qaradi. Asadbek «qo‘yaver» degan ishora qilgach, videomagnitofonni uladi. Teleekran pirpirab turib, so‘ng Qo‘qon manzarasi ko‘rindi: odamlar oqimi markazga shoshiladi... markazda, mashinalar aylana yasab o‘tadigan yo‘llarda odamlar tirband. Bolalar qiziqib, daraxtlarga chiqib olishgan... Osoyishta olomon birdan to‘zidi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:22:58
— Ayamay o‘q uzishdi,— deb izoh berdi yigit.— Bolalar o‘ldi, kattalar o‘ldi... Qorim ham shu yerda edilar.
— Shuncha odam nimaga to‘plandi o‘zi? — deb so‘radi Kesakpolvon.
— Miting bo‘lishi kerak edi.
— Qori qaerda, kasalxonadami? — deb so‘radi Asadbek yigitdan.
— Ha, yotibdilar. Sizni esladilar. Sizni ko‘rmoqchilar.
— Meni? — Asadbek ajablandi.— Ishi bor ekanmi?
— Gaplari bor shekilli,— yigit shunday deb ketishga ruxsat so‘radi.— Men bu kassetani deputatlarga ko‘rsatishim kerak. Shuni deb dovon oshib keldim. Bugun buni topshirsam, ertaga saharlab, Xudo xohlasa, qaytaman. Qorimga nima deb qo‘yay?
— O‘ylab ko‘raman.
— Imkon topilsa boradilar,— deb izoh berdi Chuvrindi.
Bu izohdan ko‘ngli xotirjam bo‘lgan yigit xayrlashib chiqdi.
— Esing joyidami? — dedi Kesakpolvon, mehmon chiqib ketgach.— Nima deding? Bilib gapirdingmi?
— Nima debman?
— Hozir borib bo‘larkanmi o‘sha yoqqa? Ko‘rdingmi nima bo‘lganini? Bek, sen o‘ylab ham o‘tirma, bormaysan!
— Bir narsaga hayronman, Qori nima uchun meni eslab qoldi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:23:48
3

    Ayrim ishlar mulohazaning intihosi o‘laroq amalga oshiriladi, ayrimlari esa ko‘ngil hukmi bilan bo‘ladi. Ko‘p hollarda ko‘ngil hukmi mulohazadan ustun turadi. Asadbekning Qo‘qonga borishi masalasi ham ko‘ngil hukmi asosida hal etildi. Vaziyatning og‘irligi, bormoqlik — jonni xatarga qo‘ymoqlik ila barobar ekanini bilsa ham, Kesakpolvon «borma!» deb vaysab tursa ham yo‘lga otlandi. «Ertalab yo‘lga chiqib, shomgacha borib qaytamiz», dedi u. Asadbek bir qarorga kelgach, a’yonlar ojiz qoladilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi — Asadbek erta tongda Chuvrindi hamrohligida yo‘lga chiqdi. Jamshidning o‘rniga tavsiya etilgan yana ikki yigit Asadbekning ko‘ngliga o‘tirmagani uchun Chuvrindining o‘zi unga hamroh bo‘ldi. Dovondan oshgunlariga qadar erkin qushdek edilar. Qo‘qonga yaqinlashganlari sayin mashinani tez-tez to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Mashina obdan tekshirilgach, soqchiboshiga «o‘lim to‘shagidagi qarindoshlarini ko‘rgani ketayotganlarini» tushuntirishga majbur bo‘lishardi. Ular peshinga yaqin kasalxonani topib bordilar.
— Sen do‘xtirlar bilan gaplash,— dedi Asadbek Chuvrindiga,— kasali nima, shu yerda tuzatsa bo‘ladimi yo boshqa yoqqa olib borish kerakmi?
    Chuvrindi buyruqqa itoat etib, tabiblar xonasi tomon yurdi. Asadbek esa Sobitxon yotgan xona eshigini ochdi. Uch kishilik xona to‘rida, deraza yonida Sobitxon shipga ko‘z tikib chalqancha yotar, ikki karavot esa bo‘sh edi. U Asadbekni ovozidan tanib, boshini burdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:24:02
— Ha, Qori, tuzukmisiz? — dedi Asadbek, salomlashgach.
— Xudoga shukr,— dedi Sobitxon xasta ovozda.— Men sizni urintirganimdan hijolatdaman. Aslida uzrimni o‘sha siz ko‘rgan birodarim orqali aytib yuborsam ham bo‘lardi, ammo uzrimni az taxi dil qabul etdingizmi yo yo‘qmi, o‘z qulog‘im bilan eshitay dedim.
— Qanaqa uzr?
— Men sizni ranjitgan edim. Moshinamning yo‘qolishida sizni gumon qilib edim. Men ham Ollohning gunohkor quliman-da, bu dunyo moli uchun sizga tuhmat qilibman.
— E, Qorijon, shuni o‘ylab yuribsizmi, kuyinmang, bunaqa gaplarga o‘rganib ketganman. Men gumonlaru mish-mishlar orasida yashaydigan odamman, sizdan xafa emasman. Men haqimda mish-mish chiqmay qolsa bir narsamni yo‘qotganday gangiydigan bo‘lib qolganman.
Gapning bu zaylda hazilga burilishi Sobitxonga ta’sir etmadi. U ko‘zlarini ma’yus tikkan holda:
— Mendan rozi bo‘ling, Bek aka,— dedi.
— E Qorijon, nima deyapsan, yosh odam, darrov...
— Gap yoshda emas. Kimdan qachon omonatini so‘ramoq Ollohning o‘zigagina ma’lum. Rozilik faqat jon halqumga kelgandagina so‘ralmaydi. Mo‘’min aybini tushunib yetgani hamon birodaridan rozilik so‘rashi kerak. Men sizning oldingizda aybdor ekanman, to siz rozi bo‘lmaguningizcha Olloh mening bu gunohimni kechira olmaydi. Rozilik shuning uchun so‘raladi. Rozi bo‘ling, Bek aka.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:24:24
    Asadbek hech ikkilanmasdan «Roziman» deyishga tayyor edi. Aytishga og‘iz juftladi ham, ammo ana shu oddiygina so‘z tilidan uchishga qiynaldi. Nazarida shu so‘zni aytishi bilan, yuzidan nur yog‘ilib turgan bu odam jon beradiganday edi.
— Bek aka, o‘ylanib qoldingiz, rozi emasmisiz?
Xavotirli bu savoldan so‘ng so‘z beixtiyor uchdi:
— Roziman, Qorijon, roziman. Sizdan xafa emasman. To‘g‘ri, o‘shanda sal jahlim chiqqan, shuning uchun sizga qattiq gapirib yuborganman. Lekin ko‘nglimda kir saqlab qolmaganman.
— Qattiq gaplaringizdan men ham xafa emasman. Sizdan roziman,— Sobitxon shunday deb chuqur nafas oldi.— Ollohning qudratini qarang, vujudim birdan yengillashdi. Biz g‘ofil bandalarmiz-da. Birimiz bu dunyoni sevib yashaymiz. Birimiz jirkanib yashaymiz. Men Olloh bergan shu bir tutam umrimda dunyodan jirkanib yashadim, shunisiga quvonaman.
— Jirkanib? — Asadbek Sobitxonning gapiga tushunmadi.— Nimaga jirkanib yashaysiz?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:24:55
— Gapimni boshqacharoq angladingiz chog‘i? Bu dunyoni sevmoq — oxiratni unutmoq degani. Bu dunyo hayoti, hoyu havaslar bir soya kabidir. Bilasiz, soya birdaniga g‘oyib bo‘lib, kishini g‘aflatda qoldiradi. Hazrat Ali, raziyallahu anhu, der ekanlarki, dunyo hayoti bilan oxirat hayoti bir erkakning ayni bir vaqtda nikohida bo‘lgan ikki xotin kabidur, biri mamnun bo‘lsa, ikkinchisi kuyaveradi. Bir kuni Muoviyaning, Olloh undan rozi bo‘lsin, huzuriga ikki yuz yil umr ko‘rgan bir odam kelibdi. Muoviya «Shuncha yil yashabsan, dunyo hayoti nazaringda qanday ko‘rindi?» deb so‘raganida u kishi «Baloli yillar, farovon yillar... Kun o‘tadi, tun o‘tadi. Tuqqan tug‘adi, o‘lgan o‘ladi. Tuqqan tug‘masaydi — mavjudot tugardi. O‘lgan o‘lmasaydi — yer yuzi undagilarga tor bo‘lib qolardi», debdi. Muoviya «Tila tilagingni», debdi. U kishi «O‘tgan umrimni orqaga qaytar yoki yaqinlashib kelayotgan ajalimni daf et!» deb so‘rabdi. Muoviya «Mening bunga qudratim yetmaydir», debdi. Shunda u kishi «Unday bo‘lsa mening sendan tilagim yo‘q», degan ekan.* Ana shunaqa...— Sobitxon shunday deb tin oldi. Badanida og‘riq qo‘zg‘oldimi, ko‘zlarini yumdi. Bir necha nafasdan so‘ng ko‘zlarini ochib, Asadbekka qaradi.— Shunaqa, Bek aka. Umr iziga qaytmaydi, ajalni ham daf etib bo‘lmaydi. Chaqaloqligimizda quloq ostida chaqirilgan azon tovushi bilan o‘qilajak janoza namozi orasida bir tutamgina umrimiz bor. Ya ayyuhannasu inna va’dallohi haqqun fala tag‘rurrannakum-ulhayatud-dunya va la yag‘urranakum billohim-g‘urur*. Qarang, Bek aka, «Sizlarni dunyo hayoti aldab qo‘ymasin», deb kim aytyapti? Dunyoni yaratgan aytyapti. Dunyo hayotini uni yaratgandan ham yaxshiroq biluvchi boshqa zot bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q... Zinhor yo‘q,— Sobitxon yana bir oz ko‘zini yumib, so‘ng ochdi.— Yaxshilab o‘ylab qaralsa, bu dunyo hayotidan tubanroq narsa yo‘q. Dunyoni yiqilishga yuz tutgan devorga ham o‘xshatishadi. Devorning yiqilajagini bilgan holda unga suyanamiz, a? Dunyo hayotini sirpanchiqqa ham o‘xshatadi. Bu sirpanchiqda hech kimning oyog‘i sobit turolmaydi... sirpanib yashaymiz... Keyin esa... so‘nggi ziyoratgohga qarab jo‘naymiz. So‘nggi ziyoratgohimiz — qabr. Bu ziyoratgohni hech eslamaymiz, eslagimiz ham kelmaydi. Ajalni unutishda bir-birimizni ortda qoldirib ketganmiz. Ajal yoshga qaramaydi: yosh ekan, yana picha yashasin, demaydi. Amalga ham qaramaydi: amaldor ekan, tegmay turaylik, picha ayshini sursin, demaydi. Boyligiga ham qaramaydi: to‘plagan shuncha boyligini tashlab ketaveradimi, to‘xta, boyligini sarflab olsin, demaydi. Vaqti-soati yetdimi, tamom. Avval «falonchi kasal ekan», deyishadi. Keyin «dardi og‘irlashibdi», deydilar. So‘ng «vasiyat qilganmish, rozi-rizolik tilaganmish, deydilar. Nihoyat, «omonatini topshiribdi, Xudo rahmat qilsin», deb duo qiladilar. So‘nggi duo shunday bo‘lsa Yaratganga shukrlar qilamiz-a. «Ie, o‘sha o‘libdimi, yaxshi bo‘libdi, qutulibmiz», deyishlikdan O‘zi asrasin. Xullas, keyin yog‘och otga mindiradilar. Qabrga eltadilar. Ko‘madilar. Kim oh deydi, kim dod deydi, kim jimgina xo‘rsinadi. O‘sha falonchi esa boshini guvalaga qo‘yib jimgina yotaveradi, umr bo‘yi to‘plagan boyligi esa bu dunyoda qolaveradi. Boyning boshiga par yostiq, kambag‘alnikiga tosh qo‘yilganini hech eshitganmisiz? Boylikni olib ketish imkoni bo‘lganida edi Olloh taborak va taolo bandalariga murojaat qilib, «dunyoga aldanmanglar», demas edi. Mayyitni qo‘yib, jamoat tarqalgach, Munkar va Nakir so‘roqni boshlaydi. Kambag‘al yotgan lahadga gurzini ko‘tarib bostirib kirib, amaldordan «kechirasiz, vaqtingiz bormi, bugun qabul qila olasizmi?» deb so‘rab o‘tirmaydi. Barchaning qismati bir... Ana shunaqa... — Sobitxon gapirib charchadi. Chuqur-chuqur nafas oldi. — Bek aka, yana «menga aql o‘rgatyapti», demang. Xayolimga to‘satdan kelib qolgan gaplarni aytdim. Bek akam kelib qolsalar aytarman, deb atayin tayyorlamovdim bu gaplarni. Ahli muslimning vazifasi bir-biriga da’vat qilish. Siz masjid qurdiryapsiz. Men o‘shanda noo‘rin gap aytib edim. Topgan pulingizning harom-hallolligini ajrim qilish huquqi menga berilmagan. Bu Ollohning o‘zigina biladurgan narsa. Qanday topishingizdan qat’iy nazar, uni foydali ishga sarfladingiz, buni inkor etib bo‘lmas. Siz bu pullarni fahsh ishlarga sarflab yuborsangiz ham bo‘lardi. Olloh dilingiz qulfini o‘zi ochsin.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:25:13
«Aytadiganini aytib olsin», deb jimgina tinglayotgan Asadbekka bu gap malol keldi:
— Dilingiz qulfini? Dilim qulflog‘lik ekanmi?
— Achchig‘ingiz chiqmasin, Bek aka. Zinoni, zulmni, harom ishlarni tark etmagan odam chin muslim bo‘la olmaydi. Men sizni mana bu yo‘ldan yuring, deb zo‘rlamayman, menda bunday huquq yo‘q, Mening vazifam— aytib qo‘yish. Bek aka, ochig‘ini aytsam, kelishingizga ishonmagan edim.
— Men ham ochig‘ini aytay: dastlab oyog‘im tortmadi. Lekin ko‘nglimda bir istak uyg‘ondi.
— Bu Ollohning qudrati-da! Bizni uchrashtirishni lozim topibdi, o‘ziga shukr. Birodarimiz tasvirni ko‘rsatdilarmi?
— Ha, ko‘rsatdi.
— Bu holga nima deysiz? Dahshatmi?
— Ha, dahshat... ammo nima deyishga hayronman.
— Sizdayin aql egalari, kuch egalari hayron bo‘lib tursa... Odamlar qo‘zg‘olishdi. Erkka boshlash fursati yetmadimi ekan?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:25:30
    Asadbek bu savolga darrov javob bera olmadi. Shunga o‘xshash gaplarni u avvalroq deputat Orzubek Boltaevdan ham eshitgan edi. Asadbek, garchi shunday deguvchilarga hayrixoh bo‘lsa-da, o‘zining qalbida, ruhida bu tuyg‘u yo‘q darajada edi. Bunday tuyg‘u bir-ikki odamning da’vati bilan uyg‘ona qolmaydi. Aniqsa yosh o‘tib qolgandan so‘ng vatanparvarga aylanish qiyin, juda qiyin. Sobitxon Asadbekka o‘xshaganlar birlashib, odamlarni ergashtirishi mumkin, deb o‘ylab xato qilgan edi. Asadbeklar tor bir xum ichida ulg‘ayishganini, ularning dunyoqarashlari ham, tuyg‘ulari ham shu xum qadar ekanini anglay olmagan edi. Asadbek masjid qurdirib, o‘zi namoz o‘qimagani kabi, shu Vatanda yashab, vatan tuyg‘usidan benasib edi. U vinzavodni qo‘ldan chiqarmaslik uchun jon fido qilar darajada olishmog‘i mumkin, ammo «yurt erki uchun jon fido qila olasanmi?» degan savolga «nima uchun men fido bo‘lishim kerak ekan?» deb javob berishi ham ehtimoldan uzoq emas. Shu sababga ko‘ra  Sobitxon savoliga darrov javob qaytarmadi. Alhol u «Hozirgina oxiratni gapirib alahsirayotgan bu qori nima uchun gapni siyosatga burdi?» deb ajablandi.
Sobitxon undan javob kutib toliqdi. Ko‘zlarini yumdi-da:
— Qani edi, bir mard chiqib «O‘zbekiston o‘ziga mustaqildir, O‘zbekiston hech kimga bo‘ysunmaydir!» deb jar solsa. Shu xitobni eshitib ketsam armonim qolmas edi, — dedi.
— Qorijon, do‘xtirlar bilan gaplashib, olib ketaymi?
— Qulluq, Bek aka. Shu gapingizning o‘ziyoq menga jon berganday bo‘ldi. Dardni olloh berdi, shifosini ham o‘zi beradi, inshoolloh. Shifoni shu yerda beradimi, boshqa yerdami, farqi yo‘q.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:26:22
    Asadbek yana bir oz suhbatlashib o‘tirib, so‘ng xayrlashdi. Chuvrindi uni dahlizda kutib turgan edi. Yo‘l-yo‘lakay hisob berdi:
— Yarasi og‘ir ekan, hozircha qimirlatmaslik kerak, deyishdi. Joni omon qolsa ham, oyoqlari ishdan chiqishi mumkin ekan.
— Yaxshi, keyinroq olib ketamiz. Bunaqa odamlar o‘lmasligi kerak. Sen... kirib do‘xtirni rozi qilib chiq, yaxshiroq qarasin.
    Qo‘qondan chiqqunlaricha xuddi suhbatlarini birov poylab, eshitib qoladiganday jim ketishdi. So‘nggi tekshiruvdan o‘tishgach, Chuvrindi:
— Nimaga chaqirtirgan ekan? — deb so‘radi.
— Moshinasini o‘g‘irlatganida bir-ikkita sassiq gap aytuvdi, esingdami? Shunga rozi-rizolik so‘radi.
— Rozi-rizolik? Nima, ahvoli shunaqa og‘irmi?
— Buni sen bilasan, do‘xtir bilan sen gaplashding.
— Do‘xtir yaqin orada o‘ladi, degani yo‘q.
— Bilib bo‘lmaydi, do‘xtir sezmagan narsani ko‘ngil sezadi. Lekin tili zahar bo‘lsa ham dili toza, yaxshi odam. Domlalar orasida faqat shuni yoqtiraman. Lekin ko‘p gaplariga, ishlariga tushunmayman. Mana shu mitingga burnini tiqib nima qilardi? Yetishmovchilik joyi bo‘lmasa, obro‘si baland, topar-tutari ham yomonmasdir. Ibodatingni qilib yuravermaysanmi?..
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:26:44
— Hozir xalqparvar bo‘lish — mo‘da. Kim bilan gaplashsang «xalqim», «xalqim» deydi.
— O‘shalarning yarmisi «xalqim» emas, yaxshilab quloq solsang «xalqum» deydi.
— Bu gapingiz ham to‘g‘ri, — dedi kulib Chuvrindi.
— Qorining yana bir gapiga tushunmadim: u ham meni bu g‘alvalarga aralashishimni istayapti shekilli. Hayronman, men aralashganim bilan nima o‘zgaradi? Mahmud, ular meni kim deb o‘ylashadi o‘zi? Odamlarning yarmi meni o‘g‘ri, muttaham, kallakesar, yarmi esa qo‘lida million askari bor marshal Jukov deb o‘ylaydi shekilli, a?
— Parvo qilmang, odamlar o‘ylayverishadi. Biz chayqalib turgan dengizdagi tomchilarmiz, bahaybat to‘lqinlarni to‘xtatish, dengizni tinchlantirish qo‘limizdan kelmaydi.
Shaharga shom qorong‘isida kirib borishdi. Asadbekning xayoli yo‘l bo‘yi Sobitxonning gaplari bilan band bo‘ldi. Qancha o‘ylamasin, qorining asl muddaosini anglab yetmadi. Muddao unchalik murakkab emas edi: Sobitxon odamlarning qo‘zg‘alganini ko‘rib, ularga boshchilik qila oladigan Dukchi eshon, Namozdek yoki Madaminbekdek bir dovyurak o‘g‘lonning maydonga chiqishini umid qilgandi. Bu zotlarning jon fido etmakka ham rozi qilgan tuyg‘ularning Asadbekda yo‘q ekanini u bechora qaydan bilsin?

_______________
* Bu hikmatlar imom G‘azzoliyning «Mukoshafatul qulub» («Qalblarning kashfiyoti») asaridandir. (Miraziz A’zam o‘zbekchalashtirgan.)
* M a z m u n  b u d i r: Ey insonlar, albatta Ollohning (qayta tiriltirish va bu dunyoda qilib o‘tilgan yaxshi-yomon amallarning mukofoti jazosini berish to‘g‘risidagi) va’dasi (va’dadir). Bas, xargiz sizlarni dunyo hayoti aldab qo‘ymasin! Va hargiz sizlarni, Olloh (barcha gunohlarni kechirib yuboraveradi, deb) aldaguvchi (shayton) aldab qo‘ymasin. («Al-malonna» («fotir») surasining beshinchi oyati. Alouddin Mansur tarjimasi.)}
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:28:13
IX  b o b

1

— Sayfijon, eson-omon borib keldingmi, ukang tinchmi, chiqay deb qoldimi? Seni anchadan beri bir yigit kutib turibdi. Hov ana, moshinang oldida.
    Avtobaza darvozasi oldida kutib olgan qorovulning bu gapidan Sayfi unchalik ajablanmadi. Chunki uni so‘rab keladigan odam ko‘p. U Hamdamning kim ekanligini bilib, sal cho‘chiganday bo‘ldi-yu, ammo sarosimaga tushmadi. Chunki militsiyadan odam kelishini yoki chaqirilishini bilardi. Ularga nima deyish, kimlarni ko‘rsatish ham oldindan puxta ravishda belgilangan edi. Uning vazifasi aniq — darrov gullab qo‘ymay, bir oz tarang qilgach, kavkazlik ikki yigit ijaraga olgan uyni ko‘rsatib qo‘yish.
Hamdam mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib, Sayfini ham o‘tirishga taklif etdi.
— Uchariqqa nima sababdan bordingiz? — deb so‘radi Hamdam.
— Ukam o‘sha yerda o‘tiribdi. Mayda-chuyda tashlab keldim. Vaqtida moylab turilmasa, qiynashadi.
— Kim qiynaydi?
— Bilmagandek so‘raysiz, a?
— Ukangiz nima gunoh qilgan edi?
— Do‘konidan ozgina kamomad chiqqan ekan.
— Ozgina deganingiz qancha?
— O‘ttiz ming...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:29:07
Bu gapni eshitib Hamdam hushtak chalib qo‘ydi.
— Kamida o‘n yil qatnar ekansiz-da?
— O‘n ikki yil berishdi, noinsoflar.
— Uchariqqa qachon jo‘novdingiz?
— Yigirma to‘qqizinchi mayda.
— Uchariqqa bir kunda, boring, ana, ikki kunda borib kelsa bo‘ladi. Ko‘p yurvormadingizmi?
— Uchariqda bir kun bo‘ldim. Keyin Buxoro, Samarqand deganday... aylanib keldim.
— Yigirma sakkizinchida ishdamidingiz?
— Ha.
— Qaerlarda bo‘ldingiz, kimlarni olib yurdingiz, eslay olasizmi?
— Shahar katta bo‘lsa, kim qo‘l ko‘tarsa to‘xtaymiz. Aytgan joyiga olib boramiz. Pulini olamiz. Qo‘limiz ro‘lda, ko‘zimiz yo‘lda, xayolimiz pulda. Otning kallasidek plan qo‘yib qo‘ygan, bajarishga majburmiz.
— Mashina yangi ekan?
— Ha, xo‘jayinlar bir tantilik qilib yuborishdi.
— Qachondan beri ishlaysiz?
— Yarim yil bo‘lib qoldi.
— Yarim yilda yangi mashina olibsiz, omadingiz bor ekan. Omad kimga kulib boqadi, bilasiz, a?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:29:29
— Omadi borga-da.
— Yo‘q, xarajatdan qochmaydigan mard odamga, topdimmi?
— Sizlar bilmaydigan narsa yo‘q.
— Siz menga yoqdingiz, dangal gaplasharkansiz. Men mard yigitlarni yaxshi ko‘raman. Endi bi-ir mardlik qilib yuborasiz: yigirma sakkizinchi maydagi voqeani aytib berasiz.
— Qaysi voqeani?
— Bizni qaysi voqea qiziqtirishi mumkin?
— Bilmadim.
— Jinoyatga aloqador hech nimani ko‘rmadingizmi? Xo‘p, vaqtini aytay: taxminan soat olti bilan yettining o‘rtasida. Shahardan chiquvchi katta yo‘l yoqasida. Esladingizmi?
— Yo‘-o‘q.
— Qani, mashinani haydang.
— Qayoqqa?
— Haydayvering-chi, ko‘chaga chiqqach, aytaman qayoqqa yurishingizni.
Sayfi o‘z o‘rniga o‘tirib mashinani yurg‘izdi. Hamdam «chapga», «o‘ngga» deb o‘tirdi. Shaharni kesib o‘tib katta yo‘lga chiqishdi. Murda yoqilgan yerga yaqinlashganda Hamdam:
— Juda tez haydar ekansiz, sal sekinlating, tabiatni tomosha qilgim kelyapti, — dedi.
Sayfi murda yoqilgan daraxt yonidan o‘tayotganida o‘ng tomonga qarab ham qo‘ymadi. Yo‘ldan ko‘z uzmay ketaverdi. Bir chaqirimcha yurishgach, Hamdam mashinani orqaga qaytarishni so‘radi. Sayfi qaytishda ham sir boy bermadi. Bir-ikki chaqirim yurishgach, Hamdam mashinani yana orqasiga qaytardi. Murda yoqilgan yerga yetgach, «to‘xtating» deb buyurdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:29:54
— Shu yer ko‘zimga yaxshi ko‘rinib ketdi, — shunday deb mashinadan tushdi. Sayfiga «siz ham tushing», deb buyurdi-da, tarvaqaylab o‘sgan daraxt sari yurdi. — Bir-ikki ulfat bilan yonboshlab olib pivoxo‘rlik qiladigan maza joy ekanmi, a? — dedi Hamdam hamrohiga savol nazari bilan qarab.
— Iflos-ku? — dedi Sayfi ajablanganicha yelka qisib. — Yo‘l beti, shovqin. Ulfatchilik qilaman, desangiz zo‘r joylar bor.
— Ifloslikka iflos. Lekin tozalasa bo‘ladi... Shu yerda ulfatchilik qilib o‘tirib, keyin bitta sherigimni osib qo‘ysamu o‘shanda siz shu yo‘ldan o‘tsangiz, ko‘rarmidingiz?
— Bilmadim. Tez yuradigan bo‘lsam, u yoq-bu yoqqa qaramayman.
— O‘lik yonib tursa-chi? Ko‘zingiz tushadi-ku? Shunda to‘xtaysizmi?
— Aniq bir narsa deyishim qiyin.
— To‘xtamay o‘tib ketaverasizmi? Axir u yonayotgan o‘lik ukangiz bo‘lishi ham mumkin-ku?
— Sovuq nafas qilmang, aka, tovonimgacha zirillatib yubordingiz.
— Ha, gapim sal qo‘pol chiqdi. Uzr. Lekin... o‘sha odam kimningdir ukasi yo akasi, yo otasi, yo eri... Boringki, hech kimi yo‘q g‘irt yetim. Osilib turaveradi, yonib turaveradi... Xafa bo‘lmang, ba’zan kallamga shunaqa bema’ni xayollar kelib qoladi.
— Ishingiz shunaqa-da. Yo‘l chetida odam boshini qashisa ham mashinaga qo‘l ko‘tarayotganga o‘xshab tuyuladi menga. Sizga esa sal shubhali ko‘ringan odam jinoyatchi bo‘lib ko‘rinaveradi, to‘g‘rimi?
— Qoyilman, topdingiz! — dedi Hamdam sovuqqina jilmayib.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:30:12
    U sir boy bermay turgan Sayfiga qarab taajjublandi: «Pixini yorgan jinoyatchi ham bunaqangi bez bo‘lmas. Rangi ham o‘zgarmaydi-ya... Kim bu o‘zi? Shunchalik ustami? Meni laqillatmoqchimi yo shoir mashina nomerini adashtirganmi? Bu kelmaganmi?..»
    Sayfi jilmayishning soxtaligini sezdi. Inspektorning gaplaridagi ilmoqni ham fahmladi. Mushuk-sichqon o‘ynayotganini ham bildi. Ammo uning nima uchun to‘q mushuk singari o‘ljasini o‘ynayotganiga tushunmadi. Sayfi bu vazifani bo‘yniga olganida milisaxonaga bir-ikki chaqirishib so‘rashganidan keyin aytib berarman, deb o‘ylagan edi. Ishning bu tarzda boshlanishi uni bir oz gangitdi. Hamdam o‘yinni yana bir oz davom ettirganida dovdirashi ehtimol edi.
Hamdam uni sinovli nazari bilan ko‘p ta’qib etmadi. «Qani, ketdik», dedi-da, mashina sari yurdi.
— Akaxon, hali ko‘p yuramizmi? — dedi Sayfi shahar markaziga yaqinlashganida. — O‘zingiz bilasiz, otning kallasiday plan bor. Bu yog‘i tirikchilik...
— Tirikchilikmi, tirriqchilikmi? — dedi Hamdam kesatib.
Sayfi o‘zini majburlab kuldi:
— Gapni ham qiyib yuborar ekansiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:31:01
    Hamdam «milisaxonaga qarab hayda», desa Sayfi qiynalmay yurgan bo‘lardi. Mashinani hali o‘ngga, hali chapga buraverib charchadi. Hamdam xuddi shahar ko‘chalarini bilmaydiganday uni rosa sarson qilib, nihoyat o‘zi ishlaydigan ichki ishlar bo‘limiga yetib keldi. Sayfini so‘roq qilish uchun o‘z xonasiga emas, balki ayblanuvchilar vaqtinchalik saqlanadigan temir panjarali tor va zax xonaga boshladi. Panjarali eshik sharaqlab ochilganida Sayfining esi chiqib ketayozdi.
— Kir, — dedi Hamdam sovuq tarzda.
— Nimaga? Gunohim nima?
— Qo‘rqma, kiraver. Bu yer bizning do‘xturxonamiz. Unutilgan narsalar shu yerda esga tushadi. Bu yerda tuzalmaydiganlar uchun boshqa do‘xturxonamiz ham bor. U yerda uncha-muncha dori-darmon qilinadi, — Hamdam uni gardanidan ushlab ichkariga itardi. — Yigirma  sakkizinchida yurgan yo‘llaring esingga tushib qolsa, chaqirasan.
    Eshik sharaqlab yopilishi bilan Sayfi lahadga tushib qolganday seskanib ketdi. Bir necha soatga emas, bir umrlik qamoqqa tushganday badaniga qo‘rquv titrog‘i yugurdi. «Haqqingiz yo‘q!» deb baqirmoqchi edi, o‘zini tutdi. Haydar akasining gaplarini esladi: «Seni qamab qo‘ysalar ham churq etma. Keyinroq gapirib berasan. Ulardan qo‘rqdim, shu sababli darrov aytmadim deysan. Ukangni vaqtliroq qutqarish uchun ozgina jabr cheksang o‘lib qolmassan». Sayfi kavkazlik ikki yigit og‘ir jinoyat qilgan bo‘lsa ham, bunga mening dahlim yo‘q, deb o‘ylayotgan edi. Hali, murda osilgan daraxt yonida dovdiramaganining sabablaridan yana biri — murda yoqilgan paytda u nariroqda, mashina ichida edi. Bu tomonga qarashga qo‘rqib, pisib o‘tirgandi. Yigitlar murdani osish uchun ingichka sim arqon tayyorlashayotganini ko‘rgan, «sim arqonda osishmoqchimi?» deb ajablangan edi. O‘sha kungi kechqurungi poezdda jo‘nab qolgani uchun shahardagi gap-so‘zlar, mish-mishlar hali qulog‘iga yetib kelmagan edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:34:34
2

    Hamdam Tolipov xonasiga kirib sigaret tutatdi. O‘rindiqqa yastanib o‘tirdi-da, oyoqlarini stul ustiga chalishtirib qo‘ydi. U Sayfini jinoyatchilardan biri deb hisoblamayotgan edi. Sayfi uning uchun chigalni yechishdagi kichik tuguncha edi. Hamdamga ikki narsa qorong‘i: Sayfi qaysi to‘daning odami? Nima uchun mashina nomerini yashirmadi? Qotillar nima sababdan etaklarining bir uchini o‘zlari ko‘tarib qo‘yishdi? Tasodifmi bu yo puxta o‘ylab qilingan ishmi? Hamdam ikki-uch soatdan so‘ng uni olib chiqib, qorniga musht tushirsam sayrab qolar, deb o‘ylagan edi. Shu o‘tirishida xayoliga ajoyib fikr kelib, o‘rnidan turib ketdi. Telefon go‘shagini olib lozim raqamni terdi. Zohid xonasida ekan, go‘shakni darrov ko‘tardi.
— Shopirni topdim, — dedi Hamdam, «suyunchi ber», deganday bir ohangda.
— Nima deydi? — dedi Zohid, bu gapni arzimas xabarday qabul qilib.
— Hozircha jim. Bez bo‘lib o‘tiribdi. Parvoyi falak. O‘sha daraxtning tagiga ham olib bordim. Ko‘zini lo‘q qilib olgan, tusi ham o‘zgarmaydi-ya! Bunaqasini endi ko‘rishim.  To‘daga kirishdan oldan surbetlikdan imtihon topshirgan bo‘lsa kerak. Lekin u bugunning o‘zida sayrab beradi. Sayratmasam otimni boshqa qo‘yaman.
— Yana mushtmi? — dedi Zohid norozi ohangda.
— E yo‘q, o‘rtoq prokuror, hozir qanaqa davr? Qayta qurishmi? Ha, shunday. Tolipov ham o‘zini qayta tarbiyalagan. Shunday bir ishni o‘ylab qo‘ydimki, sendaqadan yuztasi, komissar Katanidan o‘ntasi qoyil qolib, ro‘paramda qo‘l qovushtirib turadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:35:01
— Qanaqa ish?
— Sen soat oltida murda yoqilgan daraxt yaqiniga kelib tur, ko‘rasan. Agar Maqsud akani topsang, yana yaxshi.
— Ro‘parangizda qo‘l qovushtirib turish uchunmi?
— Hozircha piching qilaver, mayli, ammo soat oltida «akaxon, qoyilman, sizga!» deb yuborganingni o‘zing ham bilmay qolasan. Sen oltida o‘sha yerda bo‘l. Men bir oz kechikib boraman. Ha, sening vazifang indamay, jim turish.
    Zohid uning aytganlarini bajarishga so‘z bergach, go‘shakni joyiga ildi.
Soat besh yarimda Sayfini panjaradan bo‘shatdi.
— Qani, yur, — deb ko‘cha tomon boshladi.
Uning dag‘al muomalasi Sayfini tashvishga soldi. «Bir baloga giriftor qilmasaydi», deb qo‘rqdi.
— Boyagi joyga hayda, — deb buyurdi Hamdam mashinaga o‘tirgach. Keyin so‘radi: — Kanistrangda benzin bormi?
— Yo‘q, — dedi Sayfi ajablanib.
— Yo‘lda olvol, o‘n litr yetadi.
— Uzoqqa boramizmi?
— Uzoqqa... shunaqangi uzoqqa...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:35:24
    Sayfini endi rosmana qo‘rquv o‘z to‘rlariga o‘ray boshladi. Barmoqlariga titroq yugurdi. Hamdam buni sezib, quvonib ketdi. Sayfi yo‘lda to‘xtab, benzin oldi. Xo‘jalik mollari do‘koni yonidan o‘tayotganida Hamdam mashinani to‘xtatdi-da:
— Ikki quloch arqon olib chiq, — deb buyurdi.
— Qanaqasidan?
— Mol bog‘laydigan, pishiqroq bo‘lsin.
Sayfi bu buyruqni ham bajardi.
    Katta yo‘l yoqasidagi o‘sha daraxt yonida bir «Volga», uning yonida esa Zohid bilan mayor Soliev turishardi.
— Motorni o‘chirib, kalitni menga ber, — dedi Hamdam. Sayfi titroq barmoqlari bilan kalitni uzatdi.
— Esladingmi? — dedi Hamdam ko‘zini daraxtga tikib.
— Nimani?
— O‘zingni ovsarlikka solma. Nimani so‘rayotganimni bilib turibsan. Yigirma sakkizinchi mayda  bu  yerga kim bilan kelgansan, nima ish qil-
gansan?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:35:44
— Bu yerga birinchi kelishim.
— Shunaqami? Qani, tush mashinadan, — Hamdam shunday deb arqonni qo‘liga olib, mashinadan tushdi. — Yukxonani och, kanistrni ol.
— Nimaga?
— Olaver, menga kerak.
    Ko‘ngli yomon bir shumlikni sezgan Sayfining oyog‘idan mador qochdi. «Volga» yonida turganlarga xavotir bilan qarab, Hamdamning buyrug‘iga itoat etdi. Daraxt ostiga borishganda Hamdam arqondan sirtmoq yasadi. Sayfi ko‘zlarini javdiratib, atrofga alangladi.
— Qochishni o‘ylama. Bir qadam nari-beri qo‘ysang, otilasan. Yordam ham kutma, mashinasini to‘xtatib yordam beradigan ahmoq yo‘q bu yerda.
— Nima qilmoqchisiz? — dedi Sayfi titroq ovozda.
Uning bu holatidan Hamdam mamnun bo‘ldi — unga aynan shu kerak edi.
— Seni osmoqchiman, — dedi xotirjamlik bilan. — Keyin... yoqaman.
— Haqqingiz yo‘q!
— Nega haqqim bo‘lmas ekan, haqqim bor, og‘ayni. Bu shoxga ikkita odam osildi. Sen uchinchisi bo‘lasan. Biz esa qotil topilmadi, deb ishni yopdi-yopdi qilib yuboraveramiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:36:17
— Haqqingiz yo‘q! — deb baqirib yubordi Sayfi.
— Sening haqqing bormidi?
— Men o‘ldirganim yo‘q!
— Kim o‘ldirdi?
— Bilmayman.
    Hamdam teskari qaradi. Uning harakatini diqqat bilan kuzatayotgan Sayfi ham boshini burdi. Shu zahoti Hamdam chaqqonlik bilan bo‘yniga sirtmoqni tashladi. Sayfi arqonni ikki qo‘li bilan changallab, jon holatda baqirib yubordi. Zohid u tomon intilib qadam qo‘ygan edi, mayor Soliev to‘xtatdi.
— Yigirma sakkizinchida kelganmisan? — deb so‘radi Hamdam.
— Kelganman, — dedi Sayfi jon talvasasida.
— Nima uchun ertalabdan beri meni laqillatasan?
— Aytsang, o‘ldiramiz, deyishgan. Bola-chaqang garovda deyishgan...
— Kim?
— Bilmayman, tanimayman ularni.
— Nechta odam edi?
— Ikkita... ular bu yerning odami emas, tili boshqacha edi.
— Bu yerda «Jiguli» ham bor edimi?
— Bor edi, bir jingalak sochli yigit turuvdi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Gaplashishdi. Keyin menga javob berishdi.
— Urishishmadimi?
— Yo‘q.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:36:44
— Osishganda qaerda eding?
— Menga javob berishdi, ketuvdim.
— Yolg‘on gapirma! — Hamdam shunday deb arqonni tortdi. — O‘lik yonayotganda ham shu yerda bo‘lgansan. Mashinangni ko‘rganlar bor.
— Ha... Ha... moshinangda qimirlamay o‘tir, deyishdi. O‘tirdim. Bola-chaqam garovda edi...
— Sen hozir ham garovdasan. Ikki yo‘ling bor: yo o‘sha odamlarni bizga topib berasan, yo shu yerda ko‘mirga aylanasan.
— Men ularni tanimayman... Kira qilib olgan edim. Lekin bir uyga kirib chiqishgan edi. Balki o‘sha yerda turishar?..
    Reja bo‘yicha Sayfi bu gapni so‘roqning yo uchinchi yo to‘rtinchi kuni aytishi lozim edi. Ish shu darajada tezlashib, murakkablashib ketdiki, aytmaslikning iloji qolmadi.
    Qaytishda mashinani Hamdam haydadi. Sayfi qil ko‘prikdan o‘tib, arang omon qolgan odam holiga tushgan edi. U ukasini qamoqdan chiqarish, hech bo‘lmasa muddatini kamaytirishga yordam so‘rab Haydarga murojaat qilgani uchun endi o‘zini o‘zi la’natladi. To‘g‘ri, ukasiga joni achiydi. Lekin, hozir ayon bo‘ldiki, o‘zining joni yanada shirinroq ekan. Dastlab unga vazifa oson ko‘ringan edi. Ikki kavkazlikni ijaradagi uyidan oladi, o‘likxonaga boradi, ular o‘likni o‘rab olib chiqishadi, so‘ng katta yo‘l yoqasidagi daraxtga osishadi, tamom vassalom. Milisa so‘ragan taqdirda faqat o‘likxonaga borilganini aytmaydi. Kavkazlik yigitlar ijarada turadigan uy ko‘rsatib qo‘yiladi, xolos... Sayfi bir-ikki so‘roqqa chaqirishadi-yu, so‘ng holi qo‘yishadi, deb o‘ylagan edi. Agar uning iziga Hamdam tushmay, boshqa odam, masalan Zohid tushganida balki shunday bo‘larmidi... Bir kunda gullab qo‘ygani uchun endi Haydardan qo‘rqa boshladi. «Bu balki yolg‘ondan qo‘rqitgandir, Haydar aka po‘pisa qilib o‘tirmas», deb yuragi orqasiga tortib ketdi. «Balki o‘zimni moshinadan tashlab, birato‘la qutulub qo‘ya qolsammikin», degan xunuk fikrga ham bordi. Shu onda Hamdam xuddi uning fikrini o‘qiganday bir qarab oldi:
— Sen qo‘rqma, — dedi u, — senga tegishmaydi. Bizga to‘g‘risini aytib, yordam bersang joning omon qoladi. Kerak bo‘lsa, odam qo‘yib seni qo‘riqlaymiz. Aldaydigan bo‘lsang, ularga sherik hisoblanib, xalta-xurjuningni ko‘tarib jo‘naysan. Bu o‘yin shunaqa bo‘ladi: yo ostidan, yo ustidan!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:37:10
    Bu safar «chapga», — «o‘ngga», deb Sayfi yo‘l ko‘rsatib turdi. Eski shaharning tor ko‘chalaridan o‘tishayotganda o‘ng qo‘ldagi temir darvozani ko‘rsatdi:
— Shu uyga kirib chiqishgan.
— Adashmadingmi?
— Yo‘q, ana, chap tomondagi axlatxona esimda qolgan.
Hamdam «yaxshi», dedi-yu, mashinani to‘xtatmadi.
— To‘xtatmaysizmi?
— Nega?
— Ushlamaysizmi?
— Bu yog‘ini o‘zimga qo‘yib ber. Sen bugungi ishingni bajarding. Endi og‘zingga qulf urib, jim yur. Uchariq-to‘rtariq qilib jo‘nab qolma. Shahardan bir qadam nari-beriga chiqmaysan, tushundingmi?
Sayfi «tushundim», deb bosh irg‘adi. U faqat Hamdamning bu gapiga emas, balki bulardan hali-beri qutulmasligiga ham tushunib yetdi.
    Ko‘prikdan o‘tgach, Hamdam mashinani to‘xtatib, tushib qoldi. Sayfi uzoqlashishi bilan, izma-iz kelayotgan «Volga» to‘xtadi.
— To‘qson birinchi uy ekan, — dedi Hamdam, mashina eshigini ochib. — Odam chaqirish kerak. Ungacha men bir qarab chiqaman.
    Hamdam mashinalar oqimiga muqobil yurib, to‘qson birinchi uy eshigini taqillatdi. Ikkinchi marta taqillatganida ichkaridan «hozir» degan zaifgina tovush chiqdi. So‘ng darvozaning bir tabaqasi mungli ovoz chiqarib qiya ochildi-da, uzun yengli ko‘ylak kiygan keksa ayol ko‘rindi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:37:32
— Keling, bolam, — dedi u, Hamdamning salomiga alik olgach.
— Keliningiz bilan ijaraga uy qidirib yuruvdik. Siznikida bo‘sh joy bor, deb eshitdim.
— Voy, bolam-ey, sal kech kelibsiz-da. Joy boridi, odam qo‘yib qo‘ydik. Siz oilangiz bilan turmoqchimidingiz? Nechta bolangiz bor?
— Bittagina. Uch yoshda.
— Voy, attang-e, biz bop ekansizlar-a, cholim qaysar-da, sabr qilaylik, desam, ko‘nmadi. Ikkita yigitni boshlab kelib, joyladi. Chulchitmi-ey, tiliga tushunmayman. Bir paydo bo‘ladi, bir ko‘rinmay ketadi. Bunaqasi menga yoqmaydi, bolam. Chol-kampirga oilali odam afzal-da. Bola ermak bo‘ladi, lozim bo‘lib qolsa, issiq-sovuqdan ham xabar olib turishadi. Siz, bolam, noumid bo‘lmang-a, hali cholim kelsin, bir gaplashay, bularga javob bersin.
— Ijarachilaringiz shu yerdami?
— Shu yerda bo‘lmay qolishsin. Uyquga to‘yishmaydi bular. Aqli bo‘lsa, shom kirganda uxlarmidi...
    Hamdam erta-indin xabar olajagini bildirib, iziga qaytdi. Ko‘p o‘tmay, qo‘shimcha kuchlar yetib kelgach, to‘rt yigitni yoniga olib, yana darvoza oldida paydo bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:38:35
— Voy, cholim hali kelmadilar, — dedi ayol ajablanib.
— Xolajon, bir gap aytaman, faqat siz vahima qilmang. Mana bu yigitlar milisadan, ijarachilaringizni ko‘rishmoqchi. Siz ular yotgan uy eshigini ko‘rsatingu, o‘zingiz tez chetga chiqing, — dedi Hamdam.
— Voy o‘la qolay, voy Xudo urdi, — dedi ayol.
— Vahima qilmang, dedim-ku.
Ayol qo‘li bilan chap tomondagi eshikni imlab ko‘rsatib, o‘zi to‘g‘ridagi ayvon sari yurdi. Titroq ovozda nimadir dedi.
    Hamdam eshikni zarb bilan tepib ochishi bilan to‘rt yigit otilib ichkari kirishdi. Dong qotib uxlab yotgan yigitlar qimirlab ham qo‘yishmadi. Xontaxta ustidagi bo‘shagan aroq idishlari, dimoqqa urilgan nasha hididan hammasi ayon edi. Yigitlarning betlariga shapatilab, suv sepib arang o‘zlariga keltirishdi. Ular uyg‘onganday bo‘lishsa-da, hali kayfdan qutulmagan, nima bo‘layotganini anglab yetmagan edilar. Ularning qo‘llariga kishan urib olib chiqilgach, Zohid ayolni chaqirib, xonaga kirdi-da, ko‘zdan kechira boshladi.
— Ko‘rpa-to‘shaklar meniki, aylanay bolam, — dedi ayol qo‘rqibgina. — Ular qup-quruq kelishgan. Hali ijara pulini ham berishmovdi.
— Bularning o‘zlari izlab keldimi yo birov iltimos qildimi? — deb so‘radi Zohid.
— Cholim boshlab keluvdilar.
— Cholingiz hozir qaerdalar?
— Qaydam... Balki samovorxonadadirlar?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:39:00
    Zohid «topib kelasizmi?» deganday qilib Hamdamga qaradi. Bu qarashning ma’nosini anglagan Hamdam indamay tashqariga chiqdi. Zohid bir cheti yostiq ostidan chiqib turgan suratni oldi — Jamshid kulimsirab turibdi.
— Mana bu yigit ham kelib turarmidi? — deb suratni ayolga ko‘rsatdi.
— Yo‘q-a, — dedi ayol suratga durustroq ham qaramay. — Bularni hech kim so‘rab kelmadi.
Zohid tokchadagi bo‘sh tsellofan xaltachalar bilan qon tekkan em ignasini ko‘rib:
— Xola, endi bu xonaga kirmay turasiz, hech narsaga tegmang. Narsalaringizni tekshirib bo‘lganimizdan keyin olasiz, — dedi.
    Bu orada hovliga gavdali, ayol «cholim» degani bilan ko‘rinishi chollik martabasiga yetmagan, oyoqlari og‘ir gavdani ko‘tarishga majolsizligidanmi, o‘rdak kabi lapanglab yuruvchi uy egasi kirdi. Zohid u bilan salomlashgach, ayolga bergan savollarini qaytardi. O‘zi kutganidek, tayinli javob ololmadi: chol choyxonada o‘tirganida bu yigitlar joy so‘rab kelishgan, durustgina aqcha berishmoqchi bo‘lishgan, vassalom.
    Ekspertlar kelib xona ko‘zdan kechirilgach, qo‘lga ilinarli ashyoviy dalil ham topilmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:40:15
3

    Tergovni tashqaridan kuzatgan odam bu yigit o‘zining ismini ham durust bilmas ekan, deb o‘ylashi mumkin. Zohid ismi-sharifini uch marta so‘raganida uch xil javob berdi. Zohid «bu laqillatmoqchimi yo dorining ta’siridan hali qutulmadimi?» deb o‘yladi. Ikkinchi yigit ham shunday hunar ko‘rsatgach, tergovni kechiktirdi.
Ertasiga ularning gaplari poyintir-soyintir bo‘lmadi. Bu vaqt ichida mayor Soliev ularning kimligini, qamoqxonalarda bearmon o‘tirishganini aniqladi. Zohid avval yoshi kattarog‘i — Petrashvilini so‘roqqa chaqirdi.
    Rasm-rusm bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni so‘rab, yozib olgach, asosiy muddaoga ko‘chdi:
— Yigirma sakkizinchi mayda qaerda edingiz?
— Yigirma sakkizinchi?.. Necha kun oldin bo‘lgan bu yigirma sakkizinchi?
— O‘n kun bo‘ldi.
— E, grajdanin nachalnik, o‘n kun oldingi gap esimda turadimi? Kecha qayoqda edim, bilmayman.
Zohid Jamshidning rasmini uzatdi:
— Bu yigit kim?
Petrashvili suratga uzoq tikildi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:40:33
— Tanimayman.
— Yostig‘ingiz tagida ekan?
— Balki kampirning o‘g‘lidir. Uyda har xil rasm ko‘p edi.
— Chol-kampir ham tanishmadi. Ammo... sherigingiz tanidi.
— Sherigim tanigan bo‘lsa o‘zidan so‘rayver, nega mendan so‘raysan?
— Haydovchi ham tanidi.
— Qaysi haydovchi?
— Sizlarni olib borgan. Biz uni topdik.
— Har kuni o‘nta mashinada yursam, o‘nta haydovchi taniydi meni. Nachalnik, to‘g‘risini ayt, sen bo‘ynimga nima ilmoqchisan? Aytaver, kelishamiz, men bunaqa ishlarga o‘rganib ketganman.
— Yo‘q, kelisholmaymiz, grajdanin Petrashvili.
— Nega grajdanin, deyapsan, sen avval aybimni isbotla, qama, undan keyin grajdanin, deyaver.
— Grajdanin nachalnik deb avval kim aytdi?
— Menmi? Ha... men bunaqa so‘roqlarda o‘tiraverib o‘rganib ketganman. Hali bunaqa so‘roqlarni ko‘p ko‘rsam kerak.
— Yo‘q, ko‘p ko‘rmaysiz, bunisi oxirgisidir.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:40:59
— Nega endi? Chiqarib yubormoqchimisan?
— Yo‘q, endi chiqish tushingizga ham kirmaydi. Endigi hukm bittagina o‘q bo‘ladi.
— Qo‘rqitma, nachalnik. Qo‘rqadigan ahmoqlar o‘lib ketishgan. Menga qara, sen yosh ekansan, men sendaqalarning ko‘pini ko‘rganman. Sen boshni qotirmaginu maqsadingni ayt. Faqat mayda bezorilikni tirkama. Obro‘yim to‘kilishini istamayman.
«Hali bunda obro‘ ham bor-a?!» deb kulib qo‘ydi Zohid.
— Gap bunday, Petrashvili, biz obro‘yingizni to‘kmaslikka harakat qilamiz: bo‘yningizga birato‘la qotillikni ilamiz, ma’qulmi?
— Qanaqa qotillik?!
   Petrashvili bu savolni xotirjam tarzda, xuddi yaqin oshnasiga «Qayoqqa ketyapsan, ahvollaring yaxshimi?» deb so‘raganday berdi. Qamoqlarda ko‘p yurganidan shunday sovuqqonmidi yo tabiatan bezmidi, Zohid farqlay olmadi. U yana Jamshidning rasmini o‘rtaga qo‘ydi:
— Shu yigit o‘ldirilgan.
— Bunaqa shilta ishni menga ilma, nachalnik, ovora bo‘lasan, isbot qilolmaysan. Bu qilig‘ingdan vishkaning hidi kelib turibdi.
— Ha, ana, bilar ekansiz-ku?
— Dalil kerak.
— Mana bitta dalil, — dedi Zohid suratni qo‘liga olib.
— Bizni kayfligimizda qo‘lga olgansan. Suratni o‘zing tashlab qo‘ygansan. Surat chepuxa, shu bolaning kallasini uzib yonimga tashlab qo‘yganingda ham isbotlay olmaysan.
   Kavkazlikning ikkinchisi ham qariyb shunday javob berdi. Ikki kundan so‘ng Zohid Sayfini chaqirtirdi. Sayfi qator turgan yetti kishi orasidan ikki kavkazlikni tanidi. Shundan keyin ham ular yigirma sakkizinchi mayda katta yo‘l bo‘yida bo‘lganlarini tan olishmadi.

Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:42:37
X  b o b

1

    Bu xabar Hosilboyvachchaga xush yoqdi. Nabirasining o‘lik tug‘ilishi nima ekan, kimda-kim Asadbek o‘libdi, deb kelsa katta suyunchi berishga ham tayyor edi. Ayrim xotinlar «biron noxush gap chiqarmikin» degan ilinjda uzzukun qo‘shnisinikiga quloq tutadi. Baqiriq-chaqiriqni eshitsa, yoinki biron tashvish shabadasini sezsa, quvonadi. Qo‘shnisining tomi uzra kulfat bulutini ko‘rsa-ku, unikida bayram deyavering... Hosilboyvachcha ham shu toifadan edi.
    Yangi yil arafasida Asadbekning qizi yo‘qolganini eshitganida qalbini shodlik oftobi bir yoritib o‘tgan edi. Elchinni kuyov qilganida bu oftob yana bulut orasiga yashirinib, uni ikki o‘t orasiga tashladi: Asadbekning maqsadini bilolmay, kalovlandi. Elchinni ko‘pning ichida masxara qilmoqchi bo‘lganida ham shu hol yuz berdi. Jamshidning yetib kelib, Elchinni og‘ir ahvoldan qutqarishi Hosilboyvachchaga «Asadbekka tegishli odamni xor qiladigan hali tug‘ilmagan», degan ma’noni anglatgan edi.
    Hosilboyvachcha uchun Asadbek yo‘ldagi tog‘, uni qanday qilsa-da, ag‘darishi, kemirib bo‘lsa-da, tu-   gatishi lozim edi. Aylanib o‘tish mumkin emas — tog‘ orqa tomondan ham bosaveradi. Zaynabning o‘g‘irlanishi — bemalol hujumga o‘tsa ham bo‘ladi, degan ishora edi. Asadbekka hamla qiladigan dovyurak topilibdimi, demak, yurishni boshlash vaqti yetibdi. Elchinni to‘yga taklif etish — shunchaki bir sinov edi. Zaynabning o‘lik bola tug‘ib, kasalxonada yotishi uni qat’iy hujumga kirishishga da’vat etdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:43:43
    U xushxabar olib kelgan Shomilning qo‘lidan gugurtni olib, to‘rtta cho‘pni chiqardi. Uchtasining boshini birlashtirib, to‘rtinchisini yoqdi-da, tezlik bilan shu uchta cho‘pga tutdi. Pov etib yonishi bilan puflab o‘chirgan edi, to‘rtala cho‘pning boshi qovushib, uchoyoqli minoraga o‘xshab qoldi. Shomil xo‘jasining mahoratiga besh ketib, kulib qo‘ydi.
— Shomil, mana buni qara, Asadbek Elchinni kuyov qildi, Jamshid o‘ldirildi, qizi o‘zini osdi, bolasi o‘lik tug‘ildi... Hamma voqealarning boshi qovushmayaptimi?
— Shunga o‘xshaydi, — dedi Shomil o‘ylab ham o‘tirmay. U sobiq shogirdini, hozirda esa xo‘jayinining aqliga tan bergan, shu bois aytganlarini mulohaza qilib ham o‘tirmas edi.
Hosilboyvachcha cho‘p ustini barmog‘ining uchi bilan bosgan edi, «minora» sochilib ketdi.
— Asadbekni kimdir chinor degan edi. Chinorning ichini qurt yeya boshlabdi. Chetdan tomosha qilib turaversang, g‘irt ahmoq bo‘lasan. Temirni qizig‘ida bosish kerak, deyishganmi? Asadbekning qizi yotgan kasalxonada odaming bormi?
— Bor. O‘zimga tegishli bir jonon bor.
— Menga Zaynab kerak.
— Olib chiqaymi? — dedi ajablanib Shomil.
— Qani o‘yla-chi, yo toming ketganmi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:44:35
Hosilboyvachcha o‘ylash uchun fursat berganday jim qoldi, so‘ng o‘ziga-o‘zi gapirganday dedi:
— Zaynab u yerdan giyohvand bo‘lib chiqishi kerak. Jononing uni ignaga o‘rgata olarmikin?
— Men aytsam, o‘rgatadi.
— O‘rgatsin, ammo ehtiyot bo‘lsin. Birinchisini o‘ziga sezdirmasin. O‘zi ham olib turadimi?
— Olganda-chi!
— Agar qovun tushirsa, men seni ham, uni ham tanimayman.
    Bu po‘pisaga javoban Shomil tirjayib, g‘ilay ko‘zlarini o‘ynatib qo‘ydi. Shomil xo‘jasining bu po‘pisasi quruq emas, amalga oshuvi muqarrar ekanini bilgani kabi, Hosilboyvachcha bu tirjayishning ma’nosini yaxshi anglaydi. Bu tirjayishga g‘ilay ko‘zlarning o‘ynashi qo‘shilgani — «ko‘nglingiz to‘q bo‘laversin, shu ishni eplamasam, bu dunyoda nima qilib yuribman», deganidir.
Shomil muzlatgichni ochib, undan tunuka idishdagi fin pivosidan oldi-da, birini ochib xo‘jasiga uzatdi. Ikkinchisini ochib, bir ko‘tarishdayoq bo‘shatdi. Hosilboyvachcha bir-ikki yutum ichib, o‘ziga qaytardi. Shomil «sizniki tabarruk» deganday tirjayib uni ham bo‘shatdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:44:58
    Zaynabni qo‘lga kiritish fikri Hosilboyvachchada ancha burun uyg‘ongan edi. Juvonning o‘zini osishi bu xayolni haqiqatga tezroq aylantirish imkonini yaratganday bo‘ldi. Bolaning o‘lik tug‘ilishi esa imkon darvozalarini keng ochib yubordi. «O‘zini osdimi, demak, chorasiz qolgan, — deb o‘yladi u. — Otasiga ishonchi yo‘q. Otasining hukmida yashash joniga tekkan. Hamma narsaga ega ayol bekordan-bekorga o‘zini osmaydi...»
    Hosilboyvachcha Zaynabni qo‘lga kiritgan tarzda nima qilishni ham o‘ylab qo‘ygan. Zaynab bo‘yin bergach, uni qo‘yniga olmaydi, birga bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ko‘rinishi, qad-qomati binoyi, yosh... lekin otarchining sarqitiga kuni qolibdimi, degan malomatga toqati yo‘q. Balki kayfchilikda totib ko‘rar... Zaynab — yigitlarniki. Kimga hadya etishni Shomil biladi. Zaynabning birinchi vazifasi shu — yigitlar ko‘nglini ovlash. Bu qilig‘i ertami-kechmi, otasiga ma’lum bo‘ladi. Asadbek qizining naqadar iflosligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa yana-da yaxshi! Ungacha Zaynabning yana bir yumushi bor — uydagi gaplarni yetkazib turadi. (Bunisi endi Hosilboyvachchaning xom xayoli. U Asadbekning uyda, ayniqsa xotini, farzandlari huzurida ishdan gapirish odati yo‘qligini bilmaydi). Hosilboyvachcha giyohvandlarni yaxshi biladi. Xumori tutganida qoradori uchun otasinigina emas, qo‘lida bo‘lsa butun dunyoni ham sotib yuboradi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:45:36
    Shomil xo‘jasining o‘yga tolganini ko‘rib indamay o‘tiraverdi. U shunga o‘rgangan. Hosilboyvachcha yarim kun o‘ylansa, yarim kun jim o‘tiradi. Dunyoni suv bosib ketsa ham jim o‘tiraveradi, xo‘jasining xayol surishiga halal bermaydi. Hosilboyvachchaning Asadbekdan farqi shuki — bir o‘zi o‘ylaydi, bir o‘zi hukm chiqaradi. Uning bu odati Chuvrindiga o‘xshagan aqlli a’yoni bo‘lmagani vajidan emas, balki o‘z aqlining mukammalligiga ishonganidandir. «Shu paytgacha o‘z aqlimga suyanib pand yemay, shu darajaga yetdimmi — demak, noto‘g‘ri ish qilmabman», deb o‘ylaydi. Kimdir o‘g‘liga «sen chinor soyasi bo‘lma, chinorning o‘zi bo‘l», degan ekan. Shu hikmat Hosilboyvachchaga juda yoqib qolgan. O‘shanda umri mazmunini chinor bo‘lmoqlik uchun kurashdan iborat, deb belgilagan edi. Chinor bo‘lmoqlik — birovning aqli, birovning maslahati bilan bitmaydi. Birovning aqli bilan ishlash — chinorning erkin o‘sayotgan shoxlarini kesib turish demakdir. Hosilboyvachcha bunga toqat qilolmaydi. U chinor shoxlarining erkin o‘smog‘ini, yanada kengroq maydonni qamrab olmog‘ini istaydi.
— Sen Qilichdan xabar oldingmi? — deb so‘radi Hosilboyvachcha xayol surishni bas qilib.
— Xabar oldim. Ishlari nishtyak. Qachon chiqarib olasizlar, deydi. O‘tgan kuni uyiga ham kelib ketdi.
— Qachon chiqarib olasizlar, deydimi? Uni biz chiqarib olmaymiz, kim tiqqan bo‘lsa, o‘sha chiqaradi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:46:12
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga. Bir joyda «Vinzavodni Qilichdan boshqa odam eplay olmaydi, bizga ham vinzavod nasib qilib qolar», dedim. Bu gapim o‘sha kuniyoq egasiga yetib borgan bo‘lishi kerak.  Asadbek akang Qilichni chiqarib olishimga yo‘l qo‘ymaydi. Uning ikki chorasi bor: birinchisi — Qilichni o‘sha yoqda yo‘q qilib yuborish, ikkinchisi — tezroq chiqarib olish harakatini boshlash. Unga ikkinchi chora ma’qul keladi. Chunki zavodni olimchasi eplay olmaydi. Buni ahmoq odam ham darrov sezishi mumkin. Asadbek chiqaraversin, Qilich merov, undan emas, bizdan minnatdor bo‘ladi. Uni hech bir chiqimsiz qo‘lga kiritamiz.
— Chiqarib olishganini o‘zlari aytishsa-chi?
— Ishonmaydi. Undan kim xabar olib turdi? Zo‘rlardan kim himoya qildi? Menmi? Sen, tomi ketgan ahmoq, «Qilichdan xabar olib tur», deganimda burningni jiyirgan eding. Endi tushundingmi? Buni bir o‘q bilan ikki quyonni urish, deydilar. Men ularning kartalarini chalkashtirib tashladim. Yaqinda qo‘llarida ko‘zirlari qolmaydi. O‘shanda bankka uramiz. Qoyilmisan?
— Men sizni birinchi ko‘rganimdayoq qoyil bo‘lganman.
— Sen hozir bir ish qilasan: Qilichni bir-ikki soatga so‘rab, shu yerga olib kelasan. Men bir uning suhbatini olay.
    Shomil «bundan osonroq ish yo‘q», deganday tirjayib, o‘rnidan turdi. Ammo o‘ziga bo‘lgan ishonchi bu safar pand berdi: lagerda komissiya bor ekan, Qilichni chiqara olmadi. Xo‘jasiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni bildirgach, «komissiya ketganidan keyin olib kelasan», degan buyruq oldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:46:52
2

    Qilich Sulaymonov Asadbekka yoqib qolgan olimning burnini yerga ishqab, tavbasiga tayantirmoqchi bo‘lib, o‘zi qazigan chohga o‘zi tushganini bilmay ham qoldi. Agar Hosilboyvachcha sotmaganida bu ko‘rguliklar yo‘q edi. Asadbek bir-ikki so‘kib, urishib, keyin aybidan o‘tardi. Hosilboyvachcha nima uchun sotdi, deb hayron bo‘lib yurganida Shomil kelib, yanada battar ajablantirdi. «Sotgani nimayu endi mehribonchilik qilgani nima?» degan muammo uni bir nafas bo‘lsin, holi qo‘ymadi. Lager zo‘rlarining tegajoqliq qilmayotgani, ayniqsa, uyga borib kelishga ruxsat tekkani unda umid uyg‘otib, Hosilboyvachchaga nisbatan bo‘lgan g‘azab o‘tini o‘chira boshladi.
    Uyiga borib, xotini, farzandlarini ko‘rib yig‘lab yubordi. Xuddi yosh boladay yig‘ladi. Keyin esa... avvallari apoq-chapoq bo‘lib yuruvchi og‘aynilarining xabar olmay qo‘yishganini eshitib, yuragi battar ezildi.
    «Qilichxon aka, xizmat bormi?» deb qo‘l qovushtirib turuvchilar, «Qilichboy oshnam, sendan boshqa hech kimim yo‘q bu dunyoda, oshnam ham, akam ham, otam ham o‘zingsan», deguvchilar, «Qilichbek, o‘la-o‘lgunimcha qarzdorman, sendan tonsam — Xudo ursin!» deb ont ichuvchilar qaylarda qolishdi ekan? Qilichdan hazar qildilarmi, yo Asadbekdan qo‘rqdilarmi?
— Eson-omon kutulib chiqay, bu dayuslar bilan hisob-kitob boshqacha bo‘ladi, — dedi Qilich xotiniga.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:47:20
— Qo‘ying, tinch yashaylik. Xudoga soling, jazosini Xudo bersin ularni, — dedi xotini.
Qilich belgilangan vaqtda lagerga qaytdi. Birov undan «qayoqdan kelyapsan, kim chiqardi seni?» deb so‘ramadi. Yotoqqa kirib, olib kelgan yemak-ichmaklaridan bir ulushini xona to‘rida davra qurib o‘tirganlarga berdi. Taomil shu: uydan olinajak har narsaning sarasi shularga berilishi shart. Ayrimlar «o‘zim yemasam yemay, qulog‘im tinch bo‘lsin», deb hammasini tutqazib qo‘ya qoladi.
    Qilich bu yerga bir yil oldin kelgan eski tanishi Shoalini taklif etib, karavoti ustiga kichik dasturxon tuzadi. Non ustiga norindan solib mehmon qila boshladi.
— Norinni ko‘rsam, doim bir voqea esimga tushadi, — dedi kulib Shoali, bir chimdim norinni og‘ziga olib borib. — Bir qadrdonimiz boshqa viloyatdan kelin tushiradigan bo‘ldi-yu, biz o‘sha yoqqa to‘y olib bordik. Kechasi poezdga o‘tirib, ertasi azonda manzilga yetdik. Izzat-ikrom zo‘r bo‘ldi. Bir mahal qarasak, norin kirdi. Biz olib borgan tugunlar ichida norin ham bor ekan. Yetib kelishguncha norin sovub qolibdi, deb istishibdi, deng. U yerlarda norin qilishmas ekan-da...
— Har joyning taomili o‘ziga yarasha-da, — dedi Qilich kulib.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:47:38
    Shoali norindan ikkinchi yo uchinchi olishida xona to‘ridagi davraboshi o‘rnidan turib, bularga yaqinlashdi. Kuylak kiyishni yoqtirmaganidanmi, yo badanidagi xilma-xil suratlarni ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘rganidanmi, yarim-yalang‘och yuruvchi bu Zo‘r birovga bejiz yaqinlashmas edi. Uning kimgadir yaqinlashuvi yo musht tushirish bilan, yo bo‘yniga bir nima ilish bilan yakunlanardi. Shu sababli Qilich uning o‘zi tomon kelayotganini ko‘rib, xavotirlandi.
U Qilichga ro‘para bo‘ldi-da:
— Bratan, bu yoqqa qaravoring, — deb eshik tomon yurdi.
«Nima gunoh qilibman, yo ovqatdan bir nima chiqdimi?» deb hadiksiradi Qilich.
— Bratan, kelganingizga to‘rt oydan oshdimi? — dedi Zo‘r, eshikka yetmay to‘xtab.
— Oshdi, — dedi Qilich, bir qadam berida to‘xtab.
— Birov chertdimi?
— Yo‘q.
— Nimagaligini bilasizmi?
— Yo‘q.
— Qosh-ko‘zingiz chiroyli bo‘lgani uchun emasdir, a? U yoqdagi boyvachcha bratanlarning hurmati bor. Ular nima desa, bizga zakon, gap yo‘q. Lekin haddingizdan oshsangiz, otvechayt qilasiz. Siz kimni siylayapsiz, bilasizmi.
— Ha, bilaman. Eski tanishim.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:48:16
— Uni hech kim ovqatga taklif qilmaydi, sezmaganmisiz?
— Yo‘q.
— Kallavaram ekansiz. U bilan hech kim birga ovqat yemasligi kerak. Zakon shunaqa.
— Nega?
— Negami? U bir paytlar ment bo‘lgan.
— Yo‘g‘-e, u do‘kon mudiri edi.
— O‘zidan so‘rang. Biz yanglishmaymiz. Zakonni buzganning ishi chatoq bo‘ladi. Amma-xolasiga qarab o‘tirmaymiz.
    U shunday deb Qilichga qattiq tikildi-da, joyiga qaytdi.
Shoali Qilichdagi o‘zgarishni bir qarashda sezdi:
— Nima gap? Ovqat berma, deyaptimi?
— Ha... ment bo‘lgan deydi.
— Bular har baloni bilishadi. O‘ttiz yilcha oldin harbiy xizmatdan qaytganimda o‘n kuncha milisada ishlaganman. Yoshlikda qiziqish bo‘lgan-da. O‘shanda adam rahmatli qulog‘imni burab, bo‘shatib olgan edilar. Shu yerda eslatishdi buni. Bularning qonuni butunlay teskari: u yoqda bir hujjat to‘ldirsak, o‘zing qamalganmisan-yo‘qmi, qarindoshlaring ichida sudlanganlar bormi yo yo‘qmi, chet ellarda qarindoshlaring bormi, deb surishtirishadi. Bular esa «milisada ishlaganmisan, milisada qarindoshlaring bormi, komsomol yo kommunist bo‘lganmisan», deb surishtirib, shunga qarab muomala qilishadi. U yoqda ozgina xarajat qilib hujjatni eplashtirish mumkin. Bu yoqda gapning ham foydasi yo‘q, pulning ham. Siz bilan biz ularning qatorida bo‘lishni istasak ham davralariga qabul qilishmaydi. Bizdan nafratlanishadi. Taklif qilganingizda rad etib, tushuntirmoqchi edim, sizga munosabatlari o‘zgacha, indashmas, deb o‘ylabman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:55:00
— O‘ttiz yil oldingi gapning bularga qanday foyda-zarari bor?
— Hech qanday. Faqat ular o‘z qonunlarini buzishmaydi. Ularning qonunida imtiyoz, izoh, sabab degan gaplar yo‘q.
— Bularga ta’sir o‘tkazadigan odamlardan iltimos qilib ko‘raymi?
— Qaydam? Foydasi bo‘larmikin? Ba’zi masalalarda ularga Xudoning o‘zi ham bas kelolmas, — Shoali shunday deb xo‘rsindi. — Ha, mayli, boshga tushganni ko‘z ko‘rar... Bolaligimizda adam rahmatli buzoq olib bergan edilar. Qarasak, hammayog‘ini kana bosibdi. Bittadan terganmiz.  Bilasizmi, Qilichbek, biz o‘sha kana bosgan buzoqqa o‘xshaymiz.
Qilich kulimsiradi:
— Qo‘ysangiz-chi, Shoali aka, o‘xshatishga topgan jonivoringizni qarang. Hech bo‘lmasa buqa deng... — deb gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi.
— Biz buqa bo‘lolmaymiz, yo‘l berishmaydi bunga. Odamlar bizlarga havas qilishadi, a? Pulni qoplab topadi, yegani oldida, yemagani ketida, deyishadi. To‘g‘ri, topamiz. Lekin topganimizning hammasini o‘zimiz yemaymiz-ku? Xaridordan bir so‘m urib qolsam, menga o‘n tiyini qoladi. Lekin hammmaning ko‘zi oldida men o‘g‘riman, men muttahamman. To‘qson tiyinni yeb yotganlar bilan hech kimning ishi yo‘q. Ular farishtaga o‘xshab yurishadi. Chiroyli gapirishadi, chiroyli kiyinishadi. Ularga qarab turib etagida namoz o‘qiging kelib ketadi. Ichi yorib qaralsa-chi? Hamma buzuqliklarni ko‘rib, ko‘ngling ag‘dariladi. Ha... Biz buzoqmiz. Kanani hech kim tergani kelmaydi. Sillamizni quritishib, so‘ng yaxshi semirmadi, beradigan qoni kam deb, qassobga oshirishadi, — Shoali shunday deb fotiha o‘qidi. — Joyimga boray, qarab-qarab qo‘yishyapti, yana sizga osilib yurishmasin.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:56:21
    Qilichning tanishiga mehr ko‘rgazgani beiz ketmadi — nonushtada unga non «etmay qoldi». Sal narida o‘tirgan Zo‘rning qarab-qarab qo‘yishidan bildiki, bu kechagi qilmishi uchun berilgan mukofot. Yanada oydinroq aytilsa — ogohlantirish. Ishga ketayotganida bir yigit qattiq turtib o‘tdi. Uzr so‘rash o‘rniga tirjayib qo‘yishidan fahm etdiki, bular bilan hazillashib bo‘lmaydi. U kun bo‘yi bir narsani o‘yladi— bu yerdan chiqarib olishga Hosilboyvachcha jur’at etolmas, Asadbekdan yordam so‘rash kerak. «Xat yozib chiqaraman, yo xotinim borib oyog‘iga yiqiladi. Shuncha azob chekkanim yetar».
    Shu fikrga kelib turganida unga «shaharni bir aylanib kelish uchun» ruxsat berishdi.
    Lager darvozasidan sal naridagi mashina oldida Shomilni ko‘rib, ajablandi. «Tinchlikmikin?» deb ko‘ngliga xiralik oraladi. Shomil «Tezroq yur», deganday qo‘l siltab, joyiga o‘tirdi. Qilich qadamini tezlatdi.
— Bo‘ssning gapi bor ekan, — dedi Shomil.
— Qanaqa gap?
— Bilib qo‘y: Bo‘ss yaxshi gapi bo‘lsa chaqiradi. Yomon gapi bo‘lsa o‘zim yetkazib qo‘ya qolaman. Sen uning oyog‘ini yalashing kerak, bildingmi?
    Ular kirib kelishganda Hosilboyvachcha shirakayf bo‘lib olib bir qiz bilan maishatni boshlayman, deb turgan edi. Shomil bunaqa holatga ko‘nikib ketgani uchun hech bir mulozamatsiz ichkari kirib stol ustidagi fin pivosidan bittasini ochib, ichdi. Qilich Asadbek huzuriga ko‘p kirgan, ammo bunaqa holatni uchratmagan edi. Maishatga ishqiboz bo‘lgan Kesakpolvon ham bunday qiliq qilmasdi. Shu sababli Qilich ichkari kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay, ostonada turib qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:57:10
    Hosilboyvachcha unga bir qarab qo‘ydi-yu, qizni erkalashda davom etdi. U befarosat edimi yo «ko‘rib qo‘y, bu dunyoda men istagan ishimni qila olish qudratiga egaman», demoqchi bo‘ldimi — bunisi Qilichga qorong‘u.
Hosilboyvachcha qizning baqbaqasidan chimchilab Shomilga qaradi-da:
— Qalay, zo‘rmi?
— Gap yo‘q, shikalad! — dedi Shomil, keyin Qilichga qaradi. — Qoqqan qoziqday turishini qarang uni, kiravermaysanmi? O‘zingning akang-ku!
    Qilich o‘zidan bir necha yosh kichik «o‘z akasi»ga yana bir marta salom berib, ichkari sari ikki-uch qadam qo‘ydi.
    Hosilboyvachcha qizni tizzasidan tushirib, «narigi xonaga kirib tur», dedi-da, Qilichga ro‘parasidan joy ko‘rsatdi. Shomil chaqqonlik bilan qadahlarga konyak quyib avval xo‘jasiga uzatdi. Hosilboyvachcha aftini bujmaytirib, «ichmayman», deb qo‘l siltadi. Qilich ham rad etmoqchi edi, Shomil:
— Sen ich, — deb buyurdi.
Qilich uning amrini bajardi.
— Nimaga chaqirtirganimni bilasanmi? — dedi Hosilboyvachcha.
— Bilmayman.
— Men seni sotdim, a?
Qilich javob bermay, boshini egdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:57:35
— Sotdim. Nega to‘g‘ri gapdan qo‘rqasan? Nima uchun sotdiykin, deb o‘ylamadingmi?
— O‘yladim.
— Xo‘sh, nimaga sotdim?
— Ming o‘ylasam ham sababini bilmadim.
— Bilish  uchun  aql  kerak. Aql kimda bo‘ladi? Aql odamda bo‘ladi. Sen odammisan? Shomil bu odammi?
— Aft-basharasi o‘xshaydi.
— Aft-bashara itda ham, eshakda ham bor. Bilib qo‘y — sen odam emassan. Sen, — Hosilboyvachcha unga tikilganicha o‘ylandi-da, so‘ng so‘zini davom etdi. — Sen — go‘ng titadigan qo‘ng‘izsan. Makoning go‘ng, yemishing go‘ng. Shuning uchun dunyoni go‘ngdan iborat deb o‘ylaysan. Men seni Bek akangga sotdim. Meni sotqin deyayotgandirsan, a?
— Yo‘q.
— Shuning uchun ham ahmoqsan. Sen xoinlik qilding. Seni yedirib-ichirayotgan odamga xoinlik qilib, mening agaro‘dimdagi go‘ngni titmoqchi bo‘lding. Shomil, o‘z xo‘jayiniga xoinlik qilgan go‘ngqo‘ng‘iz menga xalol xizmat qilib beradimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:58:34
— Bunaqasi bo‘lmagan.
— Ana, eshitdingmi, baloni biladi bu g‘ilay. Hali bunaqasi bo‘lmagan, deyaptimi, demak, bo‘lmagan! Lekin sen menga keraksan. Kerak bo‘lganing uchun sotdim. Xoinlik uchun jazolanishing lozimligini bilishing kerak edi. Mening nimalarga qodir ekanimni bilib qo‘yishing shart edi. Endi seni chiqarib olaman. Sen Asadbek akangda ishlayverasan, lekin menga xizmat qilasan. Shunga rozimisan?
— Roziman.
— Darrov rozi bo‘lma, avval o‘yla. Bek akangdan qo‘rqmaysanmi?
— Siz borsiz-ku?
— Menmi? — Hosilboyvachcha kuldi. — Men seni deb Bek bilan olishmayman. Eplasang o‘ynaysan bu o‘yinni, eplamasang o‘tiraver.
— Eplayman.
— Shomil, eshitdingmi? Eplar ekan. Demak, o‘yinga kirdi. Kartalar tarqatildi. Ko‘nga nima tikasan?
— Bilmayman, aytganingiz.
— Joningni, — dedi Shomil g‘ilay ko‘zini o‘ynatib.
Bu gapdan Qilich bir qalqib tushdi.
— Nima, qo‘rqyapsanmi? — dedi Hosilboyvachcha. — Bitta joning bilan qutulsang katta gap. Bu yoqda bola-chaqang bor...
— Faqat... bolalarimni o‘rtaga qo‘shmaylik.
— O‘zing bilasan. Men aytdim-qo‘ydim. Shunga qarab o‘ynayverasan.
    Hosilboyvachcha shunday deb o‘rnidan turdi-da, kerishib qo‘yib, qiz kirib ketgan xona sari yurdi.
    Shomil quyib uzatgan konyakni bir ko‘tarishda bo‘shatgach, Qilich iziga qaytdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:59:22
3

    Zaynab... Ko‘zlari g‘amgin boquvchi, sochlari parishon to‘zigan Zaynab... Etagi to‘pig‘ini berkitib turgan, yengi barmoqlarining uchlariga qadar tushgan harir oq ko‘ylakda. Oqqush kabi suzib yuradi. Javdiragan ko‘zlari nimanidir axtaradi.
«Zaynab, nimani qidiryapsan? — deydi Elchin.
— Bolamni... bolam qani? — deydi Zaynab yig‘lamsirab. So‘ng hech kutilmaganda Elchinning bo‘g‘ziga chang solib, bo‘g‘a boshlaydi... — Bolamni topib bering, bolamni...»
    Elchin bo‘g‘ilib, xirillay boshlaydi.. Ana shu xirqiroq uni uyg‘otib yubordi. Yumshoq o‘rindiqqa yastanib, oyoqlarini uzatib o‘tirgan edi. Ko‘zi ilinibdi. Soatga qaradi: o‘n daqiqagina mudrabdi. Shu uyqusida ko‘rgan tushi — Zaynab.
    Kunduzi kasalxonaga borgan edi. Odatdagicha qaynonasi bilan ko‘rishib qaytdi. Qaynonasi ham kamgap: «Sog‘lig‘i yaxshi, yotibdi», degan gapdan nariga o‘tmaydi. Elchin bugun «o‘rnidan turib, yuryaptimi?» deb so‘rab, «ha, yuryapti» degan lo‘nda javob oldi. «Yurayotgan bo‘lsa, nima uchun chiqmaydi?» deb so‘ramoqchi edi, negaligini o‘zi bilgani uchun savoldan o‘zini tiydi.
   
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 17:59:46
    Ziyrak Manzura kuyovining ko‘zlariga qarab, so‘ramoqchi bo‘lgan so‘rog‘ini angladi. «Huzuringizga qanday chiqsin? Jon achchig‘ida bema’ni gapni aytib yubordi. Endi yuzi shuvut. Bundan keyingi turmushinglar qanday bo‘ladi, men hayronman», demoqchi bo‘ldi-yu, kuyovidan sado chiqmagani uchun indamay qo‘yaqoldi. Sukut bilan berilgan savolga javob ham sukut bilan bo‘ldi.
    Bolasini ko‘mib kelganidan beri Elchinning ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib ko‘rinadi. «Bolang o‘lik tug‘ildi», degan xabarni eshitganida avvaliga «bu chirkin dunyoning sassiq havosidan nafas olib yashashni istamabdi» degan xayolga bordi. Bolani tuproqqa topshirgach, go‘yo yuragidan bir narsa uzildi, go‘yo o‘sha «bir narsa» ham tuproq ostiga ko‘mildi. O‘sha — «bir narsa» nima edi? Umidmi edi? Bu dunyoda baxt ham mavjudligini anglatishi mumkin bo‘lgan najotmi edi? Umid o‘ldimi, najot ko‘mildimi? U holda bu dunyoda nima qoldi? Faqat qasosmi? Faqat qo‘rquvmi? Faqat hasadmi?.. Endi yashamoqdan maqsad nadir? O‘lik ruhi endigina qayta jonlanayotgan edi, yuragida ko‘z yumib yotgan mehr endigina uyg‘onayotgan edi. Alhol bu ruhning tirilmog‘iga hojat bormi? Bu yurakka mehr lozimmi endi?..
    Elchin aql-hushidan ayrilib, devona holiga keldi, deyish haqiqatga xilofdir. Agar u devonavash bo‘lganida edi, bu dunyoda yashab yurmog‘i osonroq kechardi. Mol-dunyosini ko‘paytirish uchun qumursqaday g‘imirlab, kezi kelganida esa vahshiy hayvon singari bir-birini g‘ajiydigan odamlardan kulib yuraverardi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:00:15
    Uning esi joyida edi. Oqni qoradan ajrata olardi. Ammo katta shaharga kelib, chorrahada gangib turgan odam holida edi — qaysi ko‘chaga kirishni aniq bilmasdi. Qamoqda ekanida tuzgan rejalari xom ekan, tuzdan solingan qasr ekan — bir yomg‘irning zarbiga ham dosh berolmadi — erib ketdi. Asadbek bilan sherdek olishaman, deb o‘ylagan edi, ammo g‘animning quyon emas, o‘z nomiga yarasha arslon ekanini hisobga olmabdi. Endi nima qilsin? Zelixon ketdi. Qachon qaytishi noma’lum. Suyanadigan tog‘i o‘sha edi. Endi kimga suyanadi, kimdan maslahat so‘raydi? Anvardanmi? U falsafa so‘qishdan boshqa narsa bilmaydi. Bugun kelib «Asadbekning otasiga taalluqli arxivni o‘rganyapman, zo‘r odam bo‘lgan ekan katta qaynotang», deb ketdi. Elchinning dardi qayda-yu, Anvarniki qayda!
    Anvar gapirib-gapirib, o‘zi ham charchab, Elchinni ham charchatib ketdi. U ketgach, Elchin yumshoq o‘rindiqqa yastanib, ko‘zi ilinibdi...
    Elchin ko‘ngil xiraligi tarqalarmikin, degan niyatda hovliga chiqib muzdek suvda yuvindi. Bir oz rohatlanganday bo‘ldi. Ammo bu huzur uzoq davom etmadi. Uyga qaytib kirishi bilan etagiga ilashib yurgan dardli o‘ylar yana vujudini qamrab oldi. Ko‘z oldiga oq libosdagi Zaynab keldi.
    «Bolangiz tug‘ilgandan keyin meni o‘ldiring!.. Men... sizga xiyonat qildim... Men... Yashashni istamayman... Jamshid akamning yonlariga borishni xohlayman... Erkak bo‘lsangiz meni o‘ldirasiz!..»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:01:09
    Yo‘q, bu gaplarni tushida eshitmadi, o‘ngida o‘z qulog‘i bilan eshitgan. Ba’zi odamlarning o‘ng qulog‘idan gap kirib, chap qulog‘idan chiqib ketsa, Elchinning ikki qulog‘idan kirib, to‘g‘ri yuragiga  borib, muhrlanib qolgan. Bo‘sh qoldi deganicha g‘imirlab kuydiraveradi. Hozir ko‘rgan tushi eski yaralarni yana timdaladi.
    Ruhi shu zaylda azob chekib o‘tirganida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. To‘y mavsumi boshlangani uchun uni yo‘qlab keluvchilar ko‘paygan, hatto joniga ham tekkan edi. Hozirgi tashrif ham shulardan biridur, deb o‘ylab, g‘ijindi. Tashqariga chiqqisi kelmadi.
    Bolasini tuproqqa topshirib kelgan kuni kechki payt qo‘ng‘iroq xuddi shunday jiringladi. Biror kishi ko‘ngil so‘rab kelgandir, deb o‘yladi. Ayni damda u ko‘ngilga taskinlik bera oluvchi odamga muhtoj edi. Afsuski, o‘ylagandek bo‘lmadi. Tavoze bilan salomlashgan odam uni to‘yga aytib kelgan edi. «To‘yimizni o‘zingiz qizitib berasiz, aytganingizdan bir so‘m kam bergan — nomard», deb gap boshlashining o‘zidayoq Elchinning joni halqumiga keldi. «Bu odam tashvishimni bilmaydi-ku», deb o‘zini bosib, e’tibori uchun minnatdorlik bildirib, taklifini rad etdi. U odam buni san’atkorning noz-firoqi deb anglab, elanishni bas qilmadi. Toqati toq bo‘lgan Elchin tashvishini aytishga majbur bo‘ldi. «To‘y yigirma besh kundan keyin-ku, Hofiz aka? Undan keyin bunaqa bolaga aza tutilmaydi», degan javobni eshitib, uning yoqasidan bo‘g‘ib olganini o‘zi ham sezmay qoldi. «Yigirma besh kundan keyin bola tirilib keladimi?» deb bo‘ralab so‘kdi. To‘yga aytib keluvchi xayr-ma’zurni ham nasiya qilib jo‘nab qolgach, «Meni odam deb aytib kelgan ekan, tushuntirsam bo‘lardi...» deb qilgan ishidan afsuslandi. Uni odam deb emas, hofiz ham deb emas, balki Asadbekning kuyovi bo‘lgani uchun taklif qilayotganini Elchin fahm etmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:02:42
    U hozir eshik ochgani borayotib shularni eslagach, yana g‘ijindi. Eshikni ochib, bashang kiyingan, tavoze bilan salom berguvchini emas, yengi kalta kuylak kiygan, qoruvli, qirg‘iy ko‘z yigitni ko‘rib, ajablandi. «Adashib kelgandir», deb xayol qilib, uning yorilgan labiga, shilingan yonog‘iga qarab qo‘ydi.
— Elchin aka siz bo‘lasizmi? — deb so‘radi yigit.
— Ha, men...
— Sizda zarur gapim bor. Ostonadan haydamang, iltimos.
Yigitning gapi Elchinga malol keldi.
— Mehmonni ostonadan haydaydi, deb eshitgan edingizmi?
— Ozgina to‘poriligim bor, aka, aft-basharamni ko‘rib, gaplashmay qo‘yasizmi, deb qo‘rqdim-da.
— Yigitchilikda aft-bashara degan shunaqa bo‘lib turadi. Qani, kiravering. Ostonada turib gaplashishning xosiyati yo‘q, deyishadi.
    Yigit ortiqcha takalluf kutmay avval hovliga, so‘ng mehmonxonaga kirib, Elchin ko‘rsatgan joyga o‘tirdi. Ko‘z qarashlariga qarab, uni bu yerga og‘ir dard boshlab kelganini fahmlash mumkin edi. «Bu yigit kim? Asadbekning dastyorlaridanmi yo Asadbekning odamlaridan tepki yeb alamzada bo‘lganlardanmi», deb o‘yladi Elchin. Yigit maqsadini aytishga qiynaldi. Barmoqlarini o‘ynab qisirlatdi. Elchin:
— Siz mening ismimni bilarkansiz, men esa... — deb gap boshlagan edi, yigit tilga kirib, so‘zlarini bo‘ldi:
— Ismim Halimjon.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:06:33
— Ismingiz jismingizga mosga o‘xshamaydi?
— To‘g‘ri, halimdek emasman. Men o‘zi... «cho‘rniy poyasman»1
— Zo‘riga tushib qoldingizmi? — dedi Elchin uning yuziga ishora qilib.
— Zo‘rlariga... Gap bunda emas. Kaltak yegan bilan odam o‘lmaydi, aka. Qornimga emas, qadrimga yig‘layman, degan maqol bor-ku? Boshimga bir ish tushdi. O‘ylab-o‘ylab chorasini topdim. Sizdan najot istab keldim.
— Najot? — Elchin kulimsiradi. — Mendan qanday najot kutish mumkin?
— Agar dardimga tushunsangiz, yuragingizda rahm-shafqat bo‘lsa, yordam bera olasiz.
— Halimjon, siz gapni juda uzoqdan boshlayapsiz. Dardingizni yigitchasiga shartta-shartta ayting.
— Bo‘ladigan gap shuki, bir qiz bilan ahdu paymonimiz bor edi. Otasi unamabdi. Qizni o‘qishdan chiqarib yurtiga olib ketishdi. Izma-iz bordim. Qizni olib qochdim, desam ham bo‘ladi. Uning ham ko‘ngli toza, meniki ham toza edi. Nikoh o‘qitamiz, deb turuvdim. Bilmayman, qaerdan is olishdi, kecha kechqurun turgan yerimizga bostirib kirishdi. Qizning otasi, akalari bor. Akalari urishdi, ularga tegmadim. Keyin yana uch-to‘rttasi paydo bo‘lishdi. Bittasi g‘ilay, juda beayov ekan. Ular bilan olishdim. Lekin hammasiga bas kelolmadim. Qo‘l-oyog‘imni bog‘lab, mashinani yukxonasiga bosishdi. Ancha yurishdi. Keyin bir joyda to‘xtab, meni yukxonadan olishdi. Qarasam, daryo bo‘yi. Hammayoq axlat, tosh. Suv bo‘ylab ketgan uzun quvurga ro‘para qilishdi. Quvurning ichida engashib bemalol yursa bo‘ladi. G‘ilay qornimga bir tepib, bukchaytirdi. Sochimdan tortib quvurga kiritmoqchi bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:06:56
— Kir, quvurga! — deb so‘kdi.
Bildimki, kirsam — o‘laman. Qarshilik ko‘rsatishga kuchim qolmagan. Birdan xayolimga g‘alati gap keldi:
— Bu ishingni Asadbek akam bilsalar, urug‘ingni quritvoradilar, palid! — deb baqirib yubordim. Nimaga shunaqa deganimni hozir ham bilmayman. Xullas, shu gapim ta’sir qildi. «Bir kunning ichida qorangni o‘chirasan, bo‘lmasa — o‘lasan!» deb mashinalariga o‘tirib, jo‘nab ketishdi. Asadbek degan nomdan qo‘rqishdimi, demak, yo o‘shaning odamlari yo undan qo‘rqadigan boshqa to‘daning odamlari, deb o‘yladim. Men Asadbek degan odamning nomini eshitganmanu o‘zlarini ko‘rmaganman. Faqat shinavanda ulfatlardan sizni u kishiga kuyov bo‘lganingizni eshitgan edim. Shu esimga kelib, qora tortib keldim, aka.
— Ish yurishmasa, atala tish sindiradi, degan maqol bor. Sizning ishingiz shunaqa bo‘libdi. Men nima qilishim mumkin?
— Agar ular Asadbek akaning odamlari bo‘lsa, bir og‘iz gapirib qo‘yasizmi? Mening birovga zararim tegmaydi. U qizni yaxshi ko‘raman, shuni deb o‘lib ketsam, mayli, roziman...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:07:15
Elchinning nazarida bu arzon-garov gapday tuyuldi. U:
«Kiprigi — xanjar, karashma — tig‘,
    ko‘z tashlash — yashin,
Gar shahid bo‘lmoqchi ersang,
    Karbalo shu yerdadir»,
degan qo‘shig‘i bilan mashhur bo‘lganidan beri «sening ishqingda o‘lishga roziman» degan ashulalarni aytib yurgani uchun ham shunday tuyuldi. U ishq yo‘lida qurbon bo‘lishga tayyor oshiqlarni kinolarda ko‘rgan, kitoblarda o‘qigan, ammo bunday ro‘para bo‘lmagan edi. Halimjon «o‘lib ketsam, mayli, roziman», deb o‘ylab, astoydil gapirdimi yo shunchaki tilidan uchdimi? Nahot muhabbati uchun jon berishga tayyor yigitlar hozir ham mavjud bo‘lsa?! Elchinning nazarida hozirgi yigitlar saqich chaynashdan boshqa narsaga yaramay qolishgan, ularda bunday tuyg‘uning mavjudligi mumkin emasday edi. Halimjon aytgan gapning arzon-garov tuyulishiga yana bir sabab shu bo‘ldi. Qiziq-da, atrofda xushsurat qizlar ko‘p, daraxtni tepsang shoxidan barg emas, huriliqolar yog‘ilib tursa... Xo‘p, biriga ko‘ngil qo‘yding, ko‘nmadi. Ana, navbatda yana o‘ntasi ko‘zlarini suzib turibdi. Ikkinchisi bo‘lmasa, uchinchisi... Elchin yigitlarni zimdan kuzatib, shu xayolga kelar edi. Hozir Halimjonning sukutga berilganidan foydalanib, unga zimdan tikildi. Uning lablari, barmoqlari titramas, ko‘zlarida yolborish nuri yo‘q, aksincha, qat’iyat zuhur edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:07:43
— Qiziq gapni aytdingiz, — dedi Elchin, sukutni uzoq cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymay, — agar «boshqa chorangiz yo‘q ekan, inim, mana bu zaharni ichingu tinchingizni toping», desam ko‘nasizmi?
Halimjon unga ajablanib qaradi:
— Kalaka qilyapsizmi, aka?
— Shunchaki so‘radim-da.
— Aka, men huzuringizga yig‘lab kelganim yo‘q. Zahar ichib o‘ladigan ahmoq emasman. O‘lsam ham olishib o‘laman, — Halimjon shunday deb shasht bilan o‘rnidan turdi.
— To‘xtang, qizishmang, o‘tiring.
«Azal kotiblari ushshoq baxtin qora yozmishlar, bu mazmun ila xat ul safhai ruxsora yozmishlar».
— Nima deyapsiz, tushunmadim?
— Joyingizga o‘tiring, Halimjon, o‘ylab ko‘raylik-chi. Siz menga o‘sha yigitlarning aft-angorini tasvirlab bering. Boshlig‘i g‘ilaymi? Gavdali baquvvat odammi? Yoshi... o‘ttiz besh-qirqlarda, a?
Halimjon voqeani qaytadan bayon qildi. Elchin g‘ilayni esladi. Uni xor etgan o‘sha to‘yda Hosilboyvachchaning atrofida ishshayib aylanib yurgan g‘ilayni ko‘rgan edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:08:08
— Asadbekning odamlari orasida bunaqa yigitlarni ko‘rmaganman. Lekin men surishtiray-chi. Avval ularning kimligini bilay, so‘ng chorasini izlaymiz.— Shu onda Elchinning xayoliga bir fikr kelib, ilmoq tashlab ko‘rishni ma’qul topdi: — Agar bu ishga Asadbek aralashsa, u haq talab qiladi.
— Qanaqa haq? Pulmi? Menda pul yo‘q, aka, ketmonchining bolasiman.
— Pul emas... agar u sizning «cho‘rniy poyas» ekaningizni bilsa, xizmatga taklif qilishi mumkin.
— Xizmatdan qochmayman.
— Nima xizmat, deb so‘ramadingiz-ku?
— Aka, nima xizmat ekaniga aqlim yetib turibdi. Odam o‘ldir, demasa bas. — Halimjon shunday degach, qaytishga izn so‘radi.
   Kutilmagan mehmon ketgach, Elchin anchagacha hovlida aylanib yurdi. U xizmat masalasida atayin ilmoq tashlagan edi. Yaqinginada yolg‘iz qolganidan siqilib turuvdi, bu yigitni Xudo yetkazdimi, bilmaydi. Nima uchundir bir suhbatdayoq unga ishongisi keldi. «Asadbek hammani ham xizmatga olavermaydi, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-da, bu yigitni tavsiya etish kerak», deb o‘yladi Elchin.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:08:36
    Halimjonning qiz uchun olishib o‘lish haqidagi gapi Elchinning xayoliga o‘rnashib qoldi. U ham o‘zini chin oshiqlar safiga qo‘shardi. Noilasini sevardi. Ammo Noilaga yetisholmagan taqdirda o‘lishi mumkin yo mumkin emasligini o‘ylab ko‘rmagan edi. Noilaga osonlik bilan yetishgani uchun balki shunday bo‘lgandir. Ha... osonlik bilan yetishgan edi, osonlik bilan ajradi. Ana o‘shanda o‘limni bo‘yniga oldi. «Qamashsin, otishsin», dedi. Katta xato qilganini keyinroq angladi. «Bu yigitning aqli joyida, o‘lsa ham olishib o‘ladi», deb o‘yladi Elchin.
    U nima qilishini rejalashtirgach, Hosilboyvachchanikiga qarab yo‘l oldi.
    Hosilboyvachchaning hovlisi Asadbeknikiga nisbatan kengroq va shinamroq edi. Favvorali hovuz o‘rtasiga qurilgan shiyponda Hosilboyvachcha Shomil bilan nard o‘ynab o‘tirardi. Elchinni qarshilagan yigit uni shiypon yoniga qadar kuzatib kelib, orqasiga qaytdi. Hosilboyvachcha o‘yindan bosh ko‘tarmagan holda Elchinning salomiga alik oldi. Elchin Hosilboyvachchaning oliftagarchilik qilishini kutgan edi, ammo bunaqa to‘nkalik qilar, deb o‘ylamovdi. Bunday «lutf»ga e’tibor bermagan bo‘lib, ikki qadam narida turganicha o‘yinni kuzatdi. Shunda Shomilning bilagidagi cherkov tasviri diqqatini tortdi. «Mayda o‘g‘rilardan ekan-da», deb qo‘ydi. O‘yinni kuzatib, yana bir narsani sezdi: Hosilboyvachcha g‘irrom o‘ynardi. Kataklarni to‘ldirishda toshchalarning tushishiga qaramasdi. Shomil esa xuddi buni payqamagandek, tirishib o‘ynardi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:08:58
— Mors! — dedi Hosilboyvachcha xursand holda.
— Tosh yaxshi tushmadi, — deb o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi Shomil.
— Tosh yaxshi tushib tursa qozoq xotin ham yutadi, — Hosilboyvachcha shunday deb kerishib,   Elchinga yuzlandi. — Keling, Hofiz aka, nimaga turibsiz, o‘tiring. Nechuk biz g‘aribu g‘urabolarni yo‘qlab qolibsiz?
    Hosilboyvachcha «kelib ko‘rishar» deb o‘ylagan edi, Elchin buni «unutganday» Shomilning yonidagi bo‘sh kursiga o‘tirdi.
— Toqqa tog‘ning ishi tushmas ekan, odamga odamning ishi tushib turarkan.
— Shomil, eshitdingmi? Hofizda aql ko‘p. Nardaga hushingiz qalay, bir tashlashamizmi?
— Xohishingiz.
— Mors bo‘lmasangiz, do‘ppingizni osmonga otasiz, — u shunday deb donalarni terdi.
    Elchin qarasaki, yana o‘yinni g‘irromdan boshladi. «Noto‘g‘ri yuryapsiz», deb o‘tirmay u ham g‘irromga o‘tdi.
— Yurishlaringiz sal boshqacharoqmi? — dedi Hosilboyvachcha buni sezib.
— Yurishlarim binoyi. Men raqib taklif etgan usulda o‘ynashni yaxshi ko‘raman.
— Men... raqibmanmi sizga?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:12:02
— Men o‘yinni nazarda tutyapman.
— Hayot ham nardiga o‘xshaydi.
— Buni sezmagan ekanman.
— Siz baloni sezasiz, Hofiz, — Hosilboyvachcha shunday deb o‘yinni bas qildi. — Endi ayting, qanday shamol uchirdi?
— Bu akamning shamollari, — dedi Elchin Shomilga qarab qo‘yib.
— Shomil, odam uchiradigan shamoling bor ekan, a? Qoyilman, — dedi kulib Hosilboyvachcha. — Shamoling Hofizniki uchiribdimi, yomon emas ekansan. Nima balo qilib qo‘ydi, bu g‘ilay? Qattiqroq aksirvordimi?
— Shunaqa bo‘libdi, jiyanimga qarab aksiribdi.
— Jiyaningiz kim?
Elchin voqeaning qisqa tafsilotini aytdi.
— Ilojsiz ish ekan, qizning otasi bilan oldi-berdimiz bor. Jiyaningizga jon shirin bo‘lsa, qurisin. Bizning yaxshiligimiz shu.
— Oldi-berdini Bek akamga qo‘yib bersangiz-chi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:14:29
    Hosilboyvachcha «nahot shu ishdan Bek xabardor?» deganday Elchinga tikildi. Kecha Shomil ishni nihoyasiga yetkazmay, «yigit Bekning nomini aytdi», deb bahona qilganida yetti pushtini o‘qib, bo‘ralab so‘kkan edi. «Ko‘chadagi uchragan iprisqi Bekning nomini aytsa cho‘chiyverasanmi!» deb baqirgan edi. Elchinning tashrifi Shomilning gaplarini tasdiqlab uni o‘ylantirdi. Elchin Hosilboyvachchaning qarashi ma’nosini anglab, xotirjam, hatto bir oz kulimsiragan holda turaverdi. U bir narsadan tashvishda edi — agar Hosilboyvachcha bu gapga ishonmay, Asadbekka telefon qilguday bo‘lsa, ish oldinga siljimay, Halimjonning taqdiri o‘zgarishsiz qoluvi mumkin edi. Xayriyatki, Hosilboyvachcha bunday qilmadi. Ammo u Elchinga to‘la ishona qolmadi. «Bu ishga Bek aralashsa, buni yubormas edi», — Hosilboyvachcha shu to‘xtamga kelib, ishshaydi.
— Oldi-berdini men qildim, dallolga hojat yo‘q. Lekin bu ishning bir ilojisi ham bor. Jiyaningiz uylanmoqchimi unga?
— Ha.
— Shomil, qiz qanaqa ekan o‘zi?
— Shikalad!
— Unda qizni tabarruk qilib beraman. Keyin uylanaveradi. Ha, uylanganidan keyin ham kelinposhsha u-bu xizmatlarni qilib yuradi. Rozimisiz?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:14:58
Elchinning g‘azabi qo‘zg‘ab, labi uchdi.
— Toshni yaxshi tashlamayapsiz, boy, — dedi u nardiga ishora qilib.
— Toshni yaxshi tashlamasam ham oshiqni yaxshi tepaman. Meniki hamisha olchi!
— Omadingizni bersin, — Elchin bu xildagi gaplar yaxshilik bilan tugamasligini bilib, o‘rnidan turdi.
— Hofiz, siz qarta ham o‘ynab turasiz, a? Bilib qo‘ying, men doimo tuz ko‘zir bilan o‘ynayman. Sizning qo‘lingizda ko‘zir yo‘q, dama toppon bor. Ehtiyot bo‘ling.
— Boy, men anchadan beri qarta o‘ynamayman, shaxmatga o‘rganganman. Shoxni ikkita piyoda bilan mot qilishga o‘rganib ketganman. Shunga o‘zim ham hayron bo‘lib qolaman.
    «Shirin suhbat»ga shu bilan yakun yasaldi. Elchin qanday «lutf» bilan kutib olingan bo‘lsa, shunday «lutf» bilan kuzatildi. U shunday bo‘lishini kutgani uchun ham bu yerga kelgan edi. Hozir Hosilboyvachcha Hofizni xor etganidan quvonib o‘tiribdi. U bilmaydiki, Hofiz rejasi bo‘yicha hozir Chuvrindinikiga boradi. Chuvrindi uning gaplarini diqqat bilan eshitadi. Halimjon unda ham qiziqish uyg‘otgach, telefon go‘shagini ko‘tarib, lozim raqamni teradi-da:
— Boy, jensovetga rais bo‘lgan emishsanmi, muborak bo‘lsin, — deb gapni kalta qiladi. Mana shundan keyingina bu ishga Asadbek aralashganini anglab, alamini Shomildan oladi. O‘zicha «shu qizni baribir tatib ko‘raman», deb ahd qiladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:17:17
XI  b o b

1

    Chuvrindi mashinani darvozasiga taqab to‘xtatishi bilan daraxt soyasida o‘tirgan kishi qaddini rostladi. Baland bo‘yli, yelkalari keng bu kishini bir qarashdayoq tanib, yuragi uvishdi. Necha yildan beri bu odam bilan uchrashishdan cho‘chiydi, o‘zini undan olib qochadi. Qishlog‘iga borgan kezlari uni bir-ikki uzoqdan ko‘rib, ro‘para kelmaslik uchun yo‘lni burdi. Qishloqda Hovuz polvon ismini olgan bu odam ham insof qilib uni ta’qib etmadi. Uchrashish u yoqda tursin, uni o‘ylasa ham yuragi uvishardi. Chuvrindi bilib qilgan ko‘p gunohlari orasida mana shunisini hech kechirolmaydi. Hovuz polvon qamoqdan chiqib kelib uni yaxshilab do‘pposlaganida, hech bo‘lmasa so‘kkanida bunchalik qiynalib yurmas edi. Bilagida devning kuchi bor bu odamning keng fe’l ekanini ko‘pchilik bilmasa ham Chuvrindi yaxshi biladi.
    Mahmud dastlab uni ko‘rganida yosh bola edi. Ularning qishloqlarida beshta hovuz bo‘lardi. Uchtasidan odamlar suv ichardi, biri mol hovuz, biri ot hovuz edi. Sunbula tug‘ib, suv tinish oldidan bog‘lanib, hovuz picha quritilib, so‘ng loyqadan tozalanib, qishga tayyorlab qo‘yilardi. Hovuz polvon qishloqqa shu damda kirib kelgan edi. U haqda Mahmud dastlab bobosidan eshitdi. «Bir polvon kelib, hovuzni o‘ziyla tozalab qo‘yibdi-ya...» degan edi. Unga Hovuz polvon degan ismni ham bobosi qo‘ygan. Hozir hech kim uni Egamberdi tog‘a, deb chaqirmaydi. Bu qishloqda ham, boshqalarida ham hovuzga hojat qolmagan, u ham hovuz tozalamaydi, ammo Hovuz polvon degan nom unga hanuz salobat, izzat baxsh etib turadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:18:52
    Mahmud chuvrindi holida shaharga kelib, Kesakpolvon bilan ishlay boshlagan kezlari edi. Bir kuni bozor muyulishida poyloqchilik qilayotgandi. O‘ziga o‘xshagan ikki bola go‘sht bozorda «ov»da, muyulishdan o‘tgandan keyingi choyxonada esa Kesakpolvon pistirmada edi. Bolalarning «ov»i yurishmay, cho‘ntak kesayotgan mahalda sezdirib qo‘yishsa shu muyulish tomon qochishardi. Qo‘llaridagi borini Mahmudga berishardi-yu, yo‘lni choyxona sari burishardi. Cho‘ntagi kesilgan jabrlanuvchi choyxonadagi pistirmaga duch kelgach, tuhmatchiga aylanardi-yu, bir-ikki tepki, musht yeb, suvga bo‘kkan mushuk holida iziga qaytardi.
Mahmud chuvrindi shunday mas’ul vazifani bajarib turgan onda:
— Mahmudjon bolam, senmisan? — degan jarangdor ovozni eshitib, bir cho‘chib tushdi. Orqasiga qaradi-yu, Hovuz polvonni ko‘rib quvonib ketdi. Bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldi. Polvon hovuz tozalayotgan paytda bolalar chug‘urlashib atrofidan ketmay qolishardi. U ham charchadim demay, shopmo‘ylovini burab ular bilan o‘ynashga vaqt topardi. Ba’zan bolalarga ot bo‘lib berardi, uch-to‘rt bola uni minib olib, hovuz atrofida «sayr» qilishardi. Bu manzarani ko‘rgan kattalar ham miriqishardi. Yetim bo‘lgani uchunmi, Mahmudga nisbatan polvonning mehri bo‘lakcha edi. Shu mehrdan foydalanib Mahmud «ot»ni ko‘proq minardi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:19:23
— Bu yerda nima qilib pisib turibsan? — deb so‘radi Hovuz polvon.
— Bitta tanishimni kutib turibman, bozorga kirib ketuvdi, — dedi u.
    O‘shanda «Hovuz polvon tog‘am gapimga ishondilar», deb o‘ylagan edi. Hovuz polvonning ancha kuzatib turganini, uning nima yumush bilan band ekanini fahmlaganini keyinroq anglab yetdi.
— Yur, men bilan, — dedi Hovuz polvon.
— Qayoqqa? — dedi Mahmud hadik bilan. — Qishloqqami?
— Yo‘q... O‘zim shu kelishda qishloqdan kelyapman. Paxsachi jo‘ralarim bor, yozi bilan paxsa uramiz. Kuzga borib, hovuz tozalaydigan vaqt yetganda qishloqqa qaytamiz. Yur, menga qarashasan.
    Mahmud go‘sht bozor tomonga o‘g‘rincha qaradi. Bolalar «ov»ni yaxshi tamomlaganlar shekilli, ko‘rinishmadi. Bundan ko‘ngli xotirjam bo‘lgan Mahmud unga ergashdi. Uch kun birga bo‘ldi. Loy tepishdi, choy qo‘ydi, osh-ovqatga qarashdi. Ular yangi barpo bo‘layotgan mahallada to‘rt-besh imoratni baholab olishgan, bugun bu bino paxsasini urishsa, ertaga boshqasiga ko‘chishardi. Pishiq g‘ishtdan qurilgan hashamatli uyning oshxonasi ularga boshpana edi. Hovuz polvon avvalgi yili ham shu mahallada ishlagani uchun odamlar uni yaxshi tanib qolishgan, hurmati qishloqdagidan kam emas ekan. Hashamatli imorat egalari chala-yarim ko‘chib chiqishgan, yerto‘la eshigi oldiga bahaybat it bog‘lab qo‘yilganidan bu yerda qo‘lga ilinarli mol-hol borligini anglash mumkin edi. To‘rtinchi kuni bozorga tushib Kesakpolvonga duch keldi. Qaerda yo‘qolib yurganini aytib, hashamatli uyni ham tilga oldi. Kesakpolvon undan yana ba’zi narsalarni so‘rab bildi. Ertasiga ishdan qaytishganda itning o‘lib yotgani, yerto‘la eshigining ochilib qolganini ko‘rib ko‘z oldiga darrov Kesakpolvon keldi-yu, qo‘rqqanidan yuragi qinidan chiqib ketayozdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:19:44
    Hovuz polvon «Yo, qodir Xudo!» deganicha avval itning tepasiga bordi, so‘ng yerto‘laga tushib chiqdi-da, uy egalarini xabardor qilish uchun ketdi. Bir soatga qolmay uy egasi, it yetaklagan milisalar yetib kelishdi. Itni yerto‘laga olib tushib hid oldirishgan edi, Hovuz polvonga qarab vovullayverdi. Uni olib ketish uchun shugina kifoya bo‘ldi. Xudoni o‘rtaga qo‘yib ichgan qasamlariga e’tibor berishmadi. Ular qasamga ishonishmadi, itga ishonishdi. Hovuz polvon milisaning mashinasiga chiqayotganda orqasiga o‘girilib bir qaradi. Ana shu qarash Chuvrindining xotirasiga muhrlanib qolgan...
    Oradan yillar o‘tib, qishlog‘ini qo‘msab birinchi marta borganida itdan qo‘rqqan mushuk boladay pisib yurdi. Bolalikda orttirgan do‘stidan «Hovuz polvon tog‘a ko‘rinmaydilarmi?» deb so‘rab, «shaharda o‘g‘irlik qilib qamalib ketganlar», degan javobni eshitdi. Bu javobdan so‘ng «Polvon tog‘a bilan uchrashib qolsam, meni ursa yoki sharmanda qilsa-ya», degan hadik ko‘tarildi. Hadik o‘rnini o‘ziga nisbatan nafrat egalladi. U Hovuz polvonni qamalgan, deb gumon qilganu ammo ko‘p o‘tirar, deb o‘ylamovdi. U paytda qo‘lidan hech nima kelmasdi. O‘g‘ri kim ekanini bilsa ham aytishdan qo‘rqardi. Keyinroq gunohini yuvish yo‘llarini qidirdi. Qishloqdagi o‘rtoqlariga «Polvon tog‘am to‘y qilsalar albatta xabar beringlar» deb tayinlagan edi. Ular xabar yuborishdi, ammo borishga o‘zida mardlik yetishmadi. To‘yona berib yubordi, ammo Hovuz polvon qayrilib ham qaramabdi — pulni qanday o‘rab bergan bo‘lsa, shu holda qaytib oldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:20:02
    Mana, oradan necha yil o‘tib o‘z darvozasi oldida uchrashib turibdi. Chuvrindi xuddi o‘shandagi kabi «Polvon tog‘a!» deb bo‘ynidan quchgisi keldi. Salom bergach, quchoqlashib ko‘rishish maqsadida qo‘llarini ikki yonga yoydi. Lekin Hovuz polvon uning shashtini qaytardi — o‘ng qo‘lini uzatib qo‘ya qoldi. Atayin shunday qildimi yo odati shumidi, Chuvrindi bilolmadi.
— Polvon tog‘a, nega uyga kirmay bu yerda o‘tiribsiz? — dedi Chuvrindi gina ohangida.
— Men uyingni ko‘rgani kelganim yo‘q, zarur ishim bor senda, — dedi Hovuz polvon. Uning gap ohangi o‘zgarmagan, gina ham, araz ham, piching ham yo‘q edi. Chuvrindi qishloqdan chiqib ketganidan beri odamlarning turli tarzda gapirishlariga o‘rganib ketgan. To‘yda bir xil ohang, majlisda boshqa... Gap ohangi ham suhbatdoshining martabasiga qarab bo‘ladi. Hovuz polvonday bir xilda gapiradiganlar kam. Chuvrindi hozir undan piching kutgan edi. Aniqroq aytilsa, Hovuz polvonning gap bilan uzib-uzib olishini xohlagan edi. Shunday bo‘lganda ko‘nglini yillar bo‘yi bosib yotgan g‘ubor ko‘tarilardi. Afsus, unday bo‘lmadi. Hovuz polvon o‘zgarib turadigan buqalamun toifa emasdi.
    Chuvrindi kutilmagan mehmonni uyga taklif qildi. Hovuz polvon o‘jarlik bilan rad etdi. Mezbon qat’iyatlik bilan zo‘rlayvergach, noiloj ichkari kirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:20:27
    Mehmonxonada dasturxon tuzog‘liq edi. Keldi-ketdi ko‘p bo‘lgani uchun dasturxon hamisha shunday turardi. Bundan bexabar Hovuz polvon «mehmon kelar ekan», deb o‘yladi.
— Mahmudjon bolam, o‘tir, gapimni aytamanu ketaman, — dedi u.
— Polvon tog‘a, olovga keldingizmi, muncha shoshasiz?
— Uyingni mehmon bosadiganga o‘xshaydi, oshga tushgan pashshadayin o‘tirmayin.
Chuvrindi uning maqsadini tushunib, kulimsiradi:
— Xotirjam o‘tiravering. Keliningiz mehmon kelib qolsa, shoshilmaylik, deb shunday tuzab qo‘yadi. Sizdan bo‘lak aziz mehmonimiz yo‘q. Ketishni xayolingizga ham keltirmang.
    Hovuz polvon bir oz xotirjam tortsa-da, shinam bezatilgan uyda yayrab o‘tirolmadi. Gul solingan bu devorlar, o‘ymakor shift uni bosayotganday bo‘laverdi.
— Uying binoyi, — dedi Hovuz polvon. — Men bilan yurganingda bunaqa uyda yashamas eding. Qochib to‘g‘ri qilgan ekansan.
    Chuvrindi xotini uzatgan choyni olib, mehmonning ro‘parasiga o‘tirdi. Uzr aytish mavridi kelganini anglab, so‘z boshladi:
— Polvon tog‘a, o‘shanda...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:20:55
Hovuz polvon uning maqsadini darrov fahmlab, gapirishga yo‘l qo‘ymadi.
— Mahmudjon bolam, uyingni ko‘rdim, agar xo‘p desang, hovlida o‘tirsak. Yoz bo‘ldi uyga kirsam, yuragim siqilaveradi.
    Mehmonning istagi darrov bajarildi. Hovlidagi so‘riga o‘tirishlari bilan ikki kosada lag‘mon keltirildi. Hovuz polvon mulozamatni kutmayoq kosani qo‘liga oldi. Kichikroq kosa uning baquvvat panjasida piyoladay ko‘rindi. Chuvrindi o‘rnidan turib, oshxonaga bordi-da, xotiniga «kattaroq kosa yo‘qmidi, yana bir kosa olib bor», deb tanbeh berdi.
    Hovuz polvon asli qo‘shni xo‘jalikda yasharkan. Bir tomoni xo‘jalik kambag‘alroq, bir tomoni ayolmand bo‘lganidan ancha qiynalibdi. Ikki kilo guruchni damlab osh yeb, qorni to‘ymagan oilani tasavvur eting. Hovuz polvon to‘ysa, bolalar to‘ymaydi, bolalar to‘ysa — u och qoladi. Hullas, boyroq hisoblangan xo‘jalikka kelib, boshpana so‘raydi. Xo‘jalik boy bo‘lsa, ortiqcha joy ham bo‘lmaydi. Rais baquvvat bu odamdan bir ish chiqarmikin, deb hovuz tozalashda qarashishni taklif etadi. Hovuz polvon qarashish u yoqda qolib, boshqalarni aralashtirmayoq bu ishni bir o‘zi bajarib tashlagan. Uning ovqat yeyishi ham ishiga qarab edi. Qishloq ahlining loy otishi shart emas, unga ovqat yetkazib berib tursa bas edi.
    Ot hovuz Chuvrindi yashaydigan uyning yonginasida edi. Hovuz polvon shuni tozalayotganda birdan hovliga ketma-ket palaxsa-palaxsa loy tusha boshlaydi. Hovuz polvon «Hoy mirob, ovqat berasizmi yo yo‘qmi!» deb baqiradi. Ikki-uch yil ichida u Mahmudning bobosi bilan do‘stlashib, shunday hazil qilishga haddi sig‘ib qolgan edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:21:20
— Hozir, hozir, — deb shoshgan edi bobosi o‘shanda. — Xudo senga o‘xshagan polvonlarni loy yeydigan qilib yarata qolsa nima bo‘ladi, a? Qishloqdagilar seni ko‘rsa, oshxonasiga qulf uryapti...
Chuvrindi ikkinchi kosada lag‘mon kelgach, bobosining o‘sha gapini eslab kulimsirab qo‘ydi. Bobosining yoshi Hovuz polvonnikidan ancha katta, lekin xuddi tengdoshday munosabatda bo‘lardi. Bularning do‘stligi ham, hazillari ham beg‘araz edi. Chuvrindi bu do‘stlik haqida ko‘p o‘ylab: «Minnatsiz, riyosiz do‘stlikdan odamlar nega qochadilar?» deb ajablanardi. Xudo uni yemoq-ichmoqdan, mol-dunyodan qismadi, aynan shundan qisdi. Unga Sobitxon aytgan bir gap ma’qul kelib, yaxshi eslab qolgan edi. Sobitxon: «Rasulilloh «haqiqiy do‘stlarni ko‘paytiringlar, bular yaxshilik kunlarda ziynat bo‘lurlar, balo tushganda boshpanadirlar» deganlar», deb edi.
Durust, ammo haqiqiy do‘st topish osonmi ekan? Chuvrindi mana shundan dog‘da. Ba’zan yuragi siqilganida bor molimni bitta dardkash do‘stga almashardim, deb o‘ylardi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:22:44
Hovuz polvon kosadagi ovqatga qo‘l uzatmadi.
— Ilgarigi polvon tog‘ang yo‘q endi, — dedi u. — Qariganda bir kosa ovqat ham ko‘plik qilib qolarkan.
— Qaridim, demang-e.
— Qaridim, bolam... qaridim. Endi sen hadeb turaverma, jim o‘tir, gapimni eshit. Meni bu yerga bir dard boshlab keldi. Shuni aytvolay. Gapimning avvali shuki, sen u ishdan xijolat tortmagin, bolam. Bola eding, ko‘p narsalarga tushunmagansan. Men seni ayblamayman. Mendan o‘zingni olib qochib yurganingni bilaman. Aybingni tushunibsan, shuning o‘zi katta gap. Bez bo‘lib yurganingda adabingni berib qo‘yardim. Endi... maqsad shuki... kichigim sal bevoshroq chiqqan. O‘zim u yoqda bo‘lib, tarbiyasi boshqacharoq kechdi-da. Ha, mayli, Xudo insof berib qolar. Xullasi, shu supra qoqdi o‘g‘lim kechagi ola-to‘polondan so‘ng bir-ikki oshnasi bilan Farg‘onaga tushibdi. Turklar tashlab ketgan uylarga kirishibdi u ahmoqlar. Nazarimda ul-bul ko‘ziga chiroyli ko‘rinib olgan-ov... Ana endi qamoqda o‘tirishibdi. Ayb ish qilgan ekan, qamashsin, jazosini tortsin. Bunisiga roziman. Lekin... qamoqda battar bu-ziladimi, deyman-da. U yoqni o‘zim ko‘rdim, bilaman. Men-ku, esimni taniganimda tushdim. Bu bolalarning esi yo‘q hali, yaxshi-yomonni ajratmaydi. Ikkita boshi buzuqning orqasidan ergashib ketvoradi... Bu dardimning bir tomoni, dardimning yarali tomoni ham bor... O‘g‘rining bolasi o‘g‘ri bo‘libdi, degan ta’nani ko‘tarib yurolmayman. Boshimni egsa shu ta’na egadi, o‘ldirsa ham shu o‘ldiradi meni...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 27 Oktyabr 2007, 18:23:11
— Kuyunmang, Polvon tog‘a, men bir surishtirib ko‘raman.
— Ha, surishtir, omma, bir mening o‘g‘limni emas, oshnalarini ham chiqartirasan. O‘g‘lim chiqib, ular qolsa insofdan bo‘lmaydi.
— Xo‘p, tog‘a, men surishtiray. Agar maskovlik tergovchilar qo‘liga tushmagan bo‘lsa, yo‘li osonroq.
— E, nima deyapsan, maskovlikmi, bu yerlikmi — barining jig‘ildoni bor. Jig‘ildon bor joyda ish bitmay qolmaydi. Sen gaplashovur. So‘raganini tovib beramiz. Puli yo‘qligidan keldi, dema. Pul bor, Xudoga shukr. Gaplashadigan lab-dahan yo‘q, bizda. Sening dovrug‘ingni eshitganmiz.
Hovuz polvonning «o‘zim u yoqda bo‘lib, tarbiyasi boshqacharoq kechdi-da», degan gapi Chuvrindiga og‘ir botdi. «Sen tufayli qamalmaganimda bolamni yaxshi tarbiya etar edim, o‘g‘irlik bilan qo‘lga tushmas edi, senga bosh egib yalinmasdim...» degan ma’noda angladi. «Hamonki shunday ekan, bolaning bu holga tushishiga men aybdor bo‘lib chiqaman. Uni qamoqdan qutqarib qolish ham mening zimmamda. Xo‘p, unda nima uchun «surishtirib ko‘raman», deb lanjlik qilyapman?!» U shunday deb o‘zidan-o‘zi nafratlandi.
— Polvon tog‘a, qo‘yningizni darrov puch yong‘oqqa to‘ldirib qo‘ymay, degan maqsadda surishtiramiz, dedim. O‘zim borib o‘tirsam ham o‘g‘lingizni chiqartiraman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:19:34
— O‘zing o‘tirma, bolam, birovni o‘tirgulik qilmasin.
— Keyin uni menga topshirasiz. Hamma havas qiladigan odam bo‘ladi. O‘qisa o‘qitamiz.
— E, yo‘q, o‘qiydag‘on bolamas u. Xafa bo‘lma, omma, senga ham topshirmayman.
— Siz meni ham...
— Yo‘q, sen o‘g‘ri emassan.
— Bir-ikki joyda limonad tsexim bor. Kooperativ taksilarim bor. Men uning cho‘ntagiga pul solib qo‘ymayman. Ishlab topadi. Pul topishni o‘rganadi.
— Ma’qul, avval chiqsin, keyin mulohaza qilarmiz.
Chuvrindi kerakli joylarga telefon qilib, masalani hal eta boshlagach, Hovuz polvonning ko‘ngli joyiga tushib, ketishga hozirlandi.
Chuvrindi buguncha qoling, deb yalinsa ham, Hovuz polvon unamadi.
— Bugungi poezdda qaytmasam bo‘lmaydi, — dedi u qat’iy ohangda.
— Pattangiz bormi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Be, shu paytgacha patta bilan yuribmanmi? Beshta so‘m beraman, ketovraman-da.
Chuvrindi uning tashvishini tushundi — ko‘ngli bolasida. Bu yerda parto‘shak solib bersang ham tikonzorda yotgandek bo‘ladi. U telefonda yigitlardan biriga patta to‘g‘irlab qo‘yish haqida buyruq bergach, mehmonga qarab:
— Poezd ketishiga hali ikki soat vaqt bor, shoshilmang, — dedi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:20:20
     Chuvrindining xotini tanbehni inobatga olib, palovni katta laganga suzdi. «Lag‘monga ishtahalari bo‘lmadi» deb o‘ylagan edi. Hovuz polvon palovni ham avvalgidek tanovul qilmadi. Bu chindan qarilik ta’sirimi edi yo o‘g‘il tashvishi ishtahani bo‘g‘gan edimi, Chuvrindiga qorong‘i. U mehmonga qarab turib: «Shunday odamni ham dard yengishi mumkin ekan-da, a?» deb qo‘ydi.
     Bekatda ularni kalta yengli ko‘ylagining tugmalarini kindigiga qadar yechgan, bo‘yniga tilla zanjir osgan bir yigit kutib oldi. Xo‘jayinining yonidagi odamni ko‘rib ajablandi. «Nozik odam deganingiz shumi?» deganday ko‘zini lo‘q qilib turdi.
— Bo‘ldimi? — dedi Chuvrindi uning ajablanganini sezmaganday.
— Bo‘ldi, joy nishtyak, — dedi yigit.
— Boshla.
Ikki kishilik kupe dim edi. Kun issiqligiga qaramay galstuk taqib olgan o‘rta yashar kishi gazetadan yelpig‘ich qilib, yelpinib o‘tirardi.
— Mana, Polvon tog‘a, shu o‘rin sizniki, — dedi Chuvrindi bo‘sh joyni ko‘rsatib. — Bahuzur hordiqni chiqarib borasiz. Choy-poydan xabar olib turishadi.
    Galstukli kishi bo‘ynidagi terni ro‘molchasi bilan artib, Hovuz polvonga boshdan-oyoq razm soldi-da, ensasi qotdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:23:48
— Boboyning biletlari bormi? — dedi u Chuvrindiga qarab.
Chuvrindi unga javob bermay, norozi qiyofada yigitga boqdi.
— Bilet bor, — dedi yigit. Keyin engashib uning qulog‘iga nimadir deb shivirladi. — Bu yoqqa chiqaylik tushuntirib beraman...
    Galstukli kishi dovdirab o‘rnidan turdi-da, yigitga ergashdi. Bir necha daqiqadan so‘ng qaytib, narsalarini oldi:
— Adashibman, biletim boshqa vagonga ekan, — deb shoshganicha chiqdi.
    Chuvrindi yigitga qaragan edi, u bosh barmog‘i bilan ko‘rsatkich barmog‘ini birlashtirib, teshik kulcha holatiga keltirdi-da, «hammasi joyida» deganday chap ko‘zini qisib, kulimsiradi.
Chuvrindi Hovuz polvon bilan xayrlashib chiqqach:
— Uni nima balo qilding? — deb so‘radi.
— Ikki og‘izgina gapirdim. Xalqparvar odam ekan, umumiy vagonda xalq bilan birga ketgisi keldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:24:23
2

    Chuvrindi uyga qaytgach, karavotdagi ko‘rpachaga yonboshladi. Ayvonda akalari bilan o‘ynab o‘tirgan kenjatoyi uni ko‘rib «adda, adda» deb harakatga tushdi. Oshxonadagi yumushlarini endigina bajarib bo‘lgan xotini bolani ko‘tarib keldi. Kenjatoy otasini yalab-yulqay boshladi. Ota uchun mas’ud damlar boshlandi. Dunyo tashvishlari unutildi. Kimningdir o‘g‘li o‘ldirilgani, kimningdir o‘g‘li qamoqda o‘tirgani, kimningdir bergan qarzini undirolmayotgani, kim-ningdir umid qilgan amaliga yetisholmayotgani, kimningdir qayg‘usi yoki shodligi... hammasi unutildi. U hozir farzandining shirin tilidan chiqqan bittagina so‘z uchun dunyo nima ekan, jonini berishga tayyor edi. Afsus shuki, mas’ud damlar uchun vaqt xasislik bilan ajratilgan bu dunyoda telefon degan matax borki, uning asabiy jiringlashi kishini baxtiyorlik ummonidan tashvish cho‘liga irg‘itib tashlaydi. Tavfiq to‘tisiga yetishmak nasib etguniga qadar bu cho‘lda g‘azzolani quvgan sari sarsari kezadi... Hozir ham shu hol yuz berdi. Chuvrindi bolasining erkaligiga to‘ymasidan telefon beto‘xtov jiringladi.
— Boshqa shahardan shekilli? — xotini shunday deb o‘rnidan turdi-da, ayvon sari ildam yurdi. Go‘shakni quloqqa tutib, salom-alik qilgach, eriga ajablanib qaradi-da, telefonni ko‘tarib keldi.
— Kim? — dedi Chuvrindi bolasini bag‘ridan bo‘shatmay.
— Bilmadim, — dedi xotini, so‘ng ajablanganini yashirmay dedi: — Ovozlaridan Jamshidjonga o‘xshatdim.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:24:38
— Esing joyidami? — Chuvrindi shunday deb bolani unga berdi-da, go‘shakni qulog‘iga tutdi: — Allo, kim bu?
— Menman...
Darhaqiqat, Jamshid edi...
    Chuvrindi xotiniga qarab qo‘ydi. Bu qarashning ma’nosini anglagan xotini otasiga intilib talpinayotgan bolasini bag‘riga bosganicha ayvon sari yurdi.
— Nima gap, tinchlikmi? — dedi Chuvrindi, xotini uzoqlashgach.
— Tinchlik, — dedi Jamshid.
— Yaxshi kutib olishdimi?
— Kutib olishdi.
— Unda nima uchun telefon qilding? Jim yuratur, devdim-ku?
— Jim yurolmayapman, Mahmud aka. Bek akamga nima gunoh qildim, aytsinlar. Gunohim bo‘lsa mayli, o‘ldirsinlar. G‘ing degan — nomard.
— Ovozingni o‘chir. Mishiqi bolaga o‘xshab ming‘irlashingni qara! Bek akam hali bir narsa demadilar. So‘rashning mavridi kelsa, o‘zim so‘rayman, seni o‘zim topaman. O‘sha yoqda jim yur. Ye, ich, ayshingni sur. Faqat bir ishkal chiqsagina telpon qil. Boshqa gaping yo‘qmi?
— Yo‘q.
— Omadingni bersin... — Shunday deb go‘shakni joyiga qo‘ydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:24:59
    Avvaliga Jamshidning betoqatlik qilganiga achchiqlandi. Keyin uning ahvoliga tushundi. U hali o‘zining «dorga osilib, so‘ng murdasi yoqib yuboril-gani»ni bilmaydi. Bilgani — Asadbekning g‘azabga minib, uni o‘limga hukm etib yuborgani. Nimaga g‘azablandi — hech kimga aniq ma’lum emas. Chuvrindi Asadbek bilan birga Elchinnikiga borgach, Zaynabga aloqador bir ish bo‘lganini fahmlagan, ammo gumonga suyanib ish ko‘rmaslikni odat qilgani uchun bu taxminga ishonib-ishonmaydi. Shu fikr dastlab xayoliga kelganida «Nahot Jamshid shu darajada ahmoq bo‘lsa!» deb ajablandi. Xayrlashar mahalidagi Jamshidning javdiragan ko‘zlariga boqib «yo‘q, bunday qilishi mumkin emas», degan to‘xtamga keldi.
    Asadbek o‘shanda buyruqni qat’iy tarzda bergan edi. Muhlat ham oz — hukm ertalabgacha ijro etilmog‘i shart. O‘ylashga, mulohaza yuritishga fursat yo‘q. Buyruq berilishi bilan Chuvrindi: «Balki ablahlik qilgandir, lekin dunyoda undan besh battar ablahlar yashab yurganida u ham tirik qolsa bo‘lardi», degan aniq bir to‘xtamga keldi. Lekin uning jonini qanday saqlab qolish kerak — shu muammo yechilmog‘i lozim edi. Asadbekni fikridan qaytarish qiyin. Yagona yo‘l — o‘likxonadan egasiz o‘lik sotib olish. Chuvrindi bu yo‘lning to‘g‘ri ekaniga shubha bilan qaradi, oxir-oqibat katta tashvishlarga taqalishini ham oldindan ko‘ra bildi. Ammo o‘sha damda boshqa chorasi yo‘q edi. Bu ishga o‘zlarining yigitlarini aralashtirishmadi. Jamshidni Chuvrindining o‘zi kuzatdi. Ikkita kavkazlikni yoniga olib, murdani Kesakpolvon topib keldi. Murda yonayotgan mahaldayoq Chuvrindi o‘zicha «bu — ikkinchi xato» deb qo‘ydi. Shilimshiqning osilib turishini ham u ma’qullamagan edi. «O‘ldirdi, o‘chini oldi, xumordan chiqdi, endi murdani yo‘qotib yuborish kerak», dedi. Lekin uning gaplariga quloq osmadilar. «Elchin shuni ma’qul ko‘ribdimi, osilib turaversin», dedilar. Mana endi Zohid Sharipov degani kavlashtirib yotibdi. Chuvrindi undan qo‘rqmaydi, ishning o‘zlari o‘ylaganlaricha yopilishiga ishonadi, ammo ungacha ancha bezovta bo‘lib yurishi yoqinqiramaydi. Zohidning chaqiruvidan so‘ng nozik akaxonlaridan biriga buni aytdi. U «rasm-rusmlarni qilish kerak-da. Xo‘p, deb turing, bir oz kavlashtirib xumordan chiqsin. Sal og‘sa o‘zimiz to‘g‘rilab qo‘yamiz», deb tinchlantirdi.
    Hozir Jamshid bilan gaplashganidan so‘ng o‘yga tolib, mana shularni esladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:26:01
3

    Elchin Hosilboyvachchanikidan chiqqach, o‘ylab o‘tirmayoq shahar markazidagi uch qavatli uy tomon yo‘l oldi. Bo‘tqaga uchrashib, Chuvrindining uyida ekanini aniqladi.
    Bu kun Chuvrindi Hovuz polvonning iltimosini bajarish bilan ovora bo‘lib, yaxshilikka olib boruvchi yo‘l topgan, ishni yuritish uchun yigitlardan birini endigina Farg‘onaga jo‘natib, ko‘ngli tinchigan holda uyga qaytgan edi. Hali bir piyola choy ichishga ulgurmay, eshikdan kirib kelayotgan Elchinni ko‘rib, hayron bo‘ldi.
— Ha, Hofiz, tinchlikmi? — dedi uni uyga boshlab.
Elchin Chuvrindi ko‘rsatgan joyga o‘tirib, muddaoga ko‘chib qo‘ya qoldi. Halimjon Chuvrindini ham qiziqtirib qo‘ydi. Yo‘q, unda yigitni darhol xizmatga olish fikri tug‘ilmadi. Chuvrindi bunaqa holda arqonni uzun tashlaydi. Kimgadir yaxshilik qiladi. Ana shu paytda burunga burunduq ilishni ham unutmaydi. Vaqti-soati yetib, lozim bo‘lganda burunduqni asta tortadi. Jamshidni qamoqdan barvaqt chiqishiga yordam berganida ham uning sadoqatli yigit bo‘lishini o‘ylamagan edi. «Chiqaversin-chi, balki foydasi tegar», deb xayol qilgandi. Jamshid o‘sha yaxshilikka sadoqat bilan javob berdi. Asadbek Jamshiddan so‘ng boshqa yigitlarni yoqtirmay turibdi, balki shu ma’qul bo‘lar, degan fikr xayolini yoritib, Hosilboyvachchaga qo‘ng‘iroq qildi:
— Boy, jensovetga rais emishsanmi, muborak bo‘lsin, — deb gapni kalta qila qoldi.
Shundan so‘ng oraga sukut cho‘kdi. Elchin yeryong‘oqning po‘chog‘ini barmoqlari bilan ezg‘ilab xayolga cho‘mib o‘tirardi. Chuvrindi uning dardini bilardi. «Hozir dardini yoradi, xuddi Jamshidga o‘xshab savoliga javobni mendan axtaradi», deb o‘yladi. Yanglishmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:26:33
Elchin dardini yorib, hasrat qilmasa ham so‘radi:
— Jamshidning o‘limini... nega mendan ko‘rdinglar?
Chuvrindi savolni kutgan bo‘lsa-da, javobga shoshilmadi. Keyin bu bir arzimas gapday:
— Bek akaga shunday tuyulibdi, — dedi.
— Bir gumon bilan badnom qilib yuboraverasizlarmi? — dedi Elchin.
— Badnom? — Chuvrindiga bu gap yoqmay, qoshlarini chimirdi. — Sizni hech kim badnom qilmadi. Bek akam gumonlarini shunchaki aytdilar. Agar gumonsiramay aniq bilganimizda gapimiz boshqacha bo‘lardi. Jamshidni o‘ldirish ko‘nglingizda yo‘q edimi? O‘g‘il bola gapni ayting.
— O‘g‘il bola gapmi? O‘g‘il bola gap shuki... hali ko‘p qon ichishim kerak men...
— Bu gapni xayolingizdan chiqarib tashlang. Odam qo‘lidan keladigan ishga harakat qilishi kerak. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatavering. Agar menga ishonsangiz bir gap aytay.
— Ayting.
— Aniq bilaman: xotiningizning o‘limiga faqat Shilimshiq aybdor, Jamshidning aloqasi yo‘q edi. U paytlar Jamshid g‘o‘r edi, bunaqa ishlarga aralashmasdi. Shilimshiq bilan borgani to‘g‘ri, ammo aralashmagan. Bu ishda qonunchilarga nisbatan Bek akamning hukmlari qattiqroq bo‘lgan. Siz o‘shanda... — Chuvrindi «nodonlik qilgansiz» demoqchi edi, «yana jirillab yubormasin», deb fikrini boshqacharoq ifoda etdi: — O‘zingizga o‘zingiz jabr qildingiz. O‘sha mardligingiz bilan nimaga erishdingiz? Kim sizga «barakalla, qoyil, o‘g‘il bola!» dedi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:27:03
    Bu so‘zlar igna o‘qqa aylanib Elchinning vujudiga sanchilaverdi. O‘q har sanchilganida yuragi bir larzaga tushdi. Mashoyixlar «bedardning oldida boshimni og‘ritma», degan ekanlar. Elchin Chuvrindining gapini shart bo‘lib «Senlarda yurak degan narsa bormi? Yuraklaring qon haydashdan boshqa yumushni ham biladimi!» deganga o‘xshash gaplarni aytgisi keldi. Ammo o‘zini tutdi. To‘g‘ri, u ko‘p hollarda tuyg‘uning quliga aylanardi. Tuyg‘u qayoqqa undasa o‘sha yoqqa yurardi. Ba’zan tuyg‘uning shaytonbuloqdan suv ichib qo‘yishini esa inobatga olmas edi. Elchin ayrim odamlarni tuyg‘usizlikda ayblab, ulardan nafratlanar edi. Ammo ayni damda insonga berilgan ulug‘ ne’matlar orasida aql ham mavjudligini, tuyg‘u achchiq haqiqat oldida ojiz qolishini hisobga olmasdi. Chuvrindi hozir haqiqatni aytayotgan edi. Uning ovozida haqorat, masxara yoki tahdid ohangi yo‘q, samimiy do‘st kabi ohista, so‘zlarni chertib-chertib gapirardi. Uning so‘zlari garchi o‘q kabi botayotgan bo‘lsa-da, Elchin uchun yangilik emasdi. Qamoqda ekanida dardini aytganda Zelixondan bundan beshbattarlarini eshitgan. Shu sabablarga ko‘ra ham Chuvrindiga gap qaytarmay o‘tirdi.
    Chuvrindi gaplarim qanday ta’sir etyapti, degan fikrda hamsuhbatiga qarab, bir oz sukut qilgach, yana so‘zlarini davom etdi:
— Maktabda Aleksandr Matrosov jasoratini gapiraverib, tinkamadorimizni quritishardi. U-ku, har kuni ming o‘limga duch kelavermay, deb oson o‘lim yo‘lini topgan, jonidan to‘yganu tappa tashlagan. Siz ham o‘shanga o‘xshadingiz. Sizning aybingiz ham bor: qimorga aralashmaganingizda bu mashmashalar yo‘q edi. Siz eslamasangiz men eslayman. O‘sha voqeadan oldin Bek akam «Hofiz, qimor o‘ynama» deb ogohlantirgandilar. Endi men bir gap aytay, siz xafa bo‘lmang: siz mushuk-sichqon o‘ynashni yig‘ishtiring. Siz ikki dunyoda mushuk bo‘lolmaysiz. Anavi chechen bolangizga ishonavermang. Ha, aytmoqchi, ko‘rinmay qoldimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:27:25
— Yurtiga ketgan.
— Yaxshi qilibdi. Kelishdik, a?
— Nimaga?
— Siz bundan buyog‘iga ashulangizni aytib, tinchgina yurasiz.
Elchin zaharli jilmaydi.
— Men siz bilan sulh tuzgani kelmagan edim.
— To‘g‘ri, siz iltimos bilan keldingiz. Lekin eski paxtani chuvaganingiz uchun men omadi gapni aytdim.
— Men eski paxtani chuviganim yo‘q. Jamshidning o‘limi sababini bilmoqchi edim.
— Buni Xudo biladi.
Shu gaplardan so‘ng ko‘zlar to‘qnashdi. Ayni nafasda ikkalasining ko‘ngliga bir mazmundagi gap kelgan, ammo tilga ko‘chirishga andisha qilishayotgan edi. Andisha qarshisida til ojiz qolgan mahalda ko‘zlar bevafolik qilib, fikrni oshkor etishi mumkin. Hozir shu hol yuz berdi.
— Jamshid Zaynabga... suykalgan edimi? — deb so‘radi Elchinning ko‘zlari.
— Suykalganini ko‘rganim yo‘q, ammo uyingga borganini aniq bilaman, — dedi Chuvrindining ko‘zlari.
— Asadbek... qaynotam buni qayoqdan bilib qoldi?
— O‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘ldi...
— Zaynab... shilta qizlardan emas edi?
— Bu dunyo hayotidan har narsani kutish mumkin...
So‘nggi savolga javobni Chuvrindining ko‘zlari emas, Elchinning ko‘ngli aytdi. O‘z savoliga o‘zi javob berdi-yu, yuragida sanchiq turib, beixtiyor chap ko‘kragini ushladi.
— Maza qochdimi, Hofiz, — dedi Chuvrindi. Elchin javob bermagach, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirganday past ovozda dedi: — motorni ehtiyot qilish kerak.
Elchin o‘rnidan turdi. Eshik tomon bir qadam tashlab, Chuvrindiga o‘girildi:
— Motor, Xudo xohlasa, yelkadagi yukni manzilga olib borishga chidaydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:30:22
XII  b o b

I

    Shunday odamning bolasi?!
    Anvar bundan qirq yil avvalgi tergov hujjatlarini o‘rgana turib, o‘ziga tez-tez shu savolni berar, ammo tayinli maqbul javob topa olmas edi. Necha ming odam chaquv, tuhmat qurboni bo‘lgan yillarda Asadbekning otasi hech bir chaquvsiz, hech bir tuhmatsiz holda jazoga tortilgan edi. Uni qamash uchun chaquvning hojati yo‘q edi. Huquq ilmini o‘rganayotgan talabaning urushning dastlabki oylaridayoq safarbar etilgani, qo‘shin qurshovda qolgani, ko‘plar qatori asir olingani, kontslagerdan qochgani, Yugoslaviya o‘rmonlarida, tog‘larida jang qilgani... chaquvga muhtoj emas, barchasi hujjatlarga muhrlangan edi. Uning aybi bir — Yugoslaviya dohiysi Tito bilan shaxsan tanish bo‘lgan. Bu ham tuhmat emas. Urush tugagach, dohiy uni bag‘riga bosib suratga tushgan, qahramonlik nishoni topshirgan. Avvaliga u ham Ittifoq qahramoni sifatida qadr topganday bo‘ldi. So‘ngroq, Stalin bilan Tito orasidan ola mushuk o‘tgach, Yugoslaviya partizanlari bilan birga jang qilgan barcha sovet askarlari xoinlar ro‘yxatidan o‘rin oldilar. Ularga «Sen Tito qo‘shinida jang qilgansan» deb ayb taqashmadi. Unga qadar asirga tushgan edilar, qamash uchun shuning o‘zi kifoya edi. Tergovdagi savollarning mazmuniga qaraganda ular kontslagerdan qochmasliklari lozim ekan, jonlarini garovga qo‘yib, jang qilmasliklari shart ekan. O‘zbekiston qayoqdayu Yugoslaviya qayoqda?! Asadbekning otasi ming kecha-kunduz yo o‘larini bilmay, yo qolarini bilmay ajalning soyasida yashadi. Asadbekning onasi erining na tirik ekani, na o‘lik ekanini bilmay umid oftobida qovjirab hayot kechirdi. Ming kun-a!? Shuning mukofotiga yana qamoq, yana ayriliq va nihoyat Sibirning ovloq bir yerida o‘lim topish. O‘lim topganda ham nomini qora ro‘yxatlarda qoldirib, armon bilan ko‘z yumish...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:31:31
    «Ajab... — deb o‘yladi Anvar, — dushman bir bo‘lsa, uning chap tomonida turib urishding nimayu o‘ng tomonida turib urishding nima? O‘ng tomondagilari xalq qahramonlari, chap tomondagilar esa xalq dushmanlari bo‘lib chiqsa... Bundan ham ortiqroq ahmoqlik bo‘larmikin bu yorug‘ jahonda...»
    Anvar hujjatlar bilan tanisha turib Xolidiyning suyukli shogirdlaridan biri tomonidan yozilgan maqolani esladi. Shogird ustozga sodiq qolgani holda Yugoslaviya partizanlari safida jang qilganlarni siyosiy ongsizlikda ayblagan edi. Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Vaziyat o‘zgardi. Ammo o‘sha maqola hanuz hayot, qayta-qayta nashr etilayotgan tarix kitoblarida biron-bir nuqta o‘zgarmagani holda turibdi. Asadbekning otasi ham «harakatida jinoyat izlari bo‘lmagani sababli» afv etilgan. «Nahot u olimlar bundan bexabar qolishgan? — deb o‘yladi Anvar. — Oradan o‘ttiz besh yil o‘tyapti... Bu hujjatlarni nima uchun o‘g‘liga — Asadbekka ko‘rsatishmadi? Bunga o‘xshagan odamlar yana qancha?..»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:32:17
2

    Eshakni yo‘qlasang qulog‘i ko‘rinadi, deganlariday, hech kutilmaganda eshik ochilib, Xolidiy ko‘rindi.
— Ie, mulla Anvarjon, — dedi u jilmayib, — xursandman, bag‘oyat xursandman.
— Meni ko‘rganingizdanmi? Ertalab uchrashuvdik-ku? — dedi Anvar.
— Ish bilan, ilm bilan mashg‘ul shogirdlarimni ko‘rsam, quvonib ketaman, — dedi Xolidiy bo‘sh stol tomon yurib.
    «Biz ham shogirdlar safiga qo‘shilibmiz-da, a? Shunday oliy maqomda ekanmanu bilmay qolganimga dog‘man endi», deb o‘yladi Anvar. U bir piching gap otib «ustoz»ning g‘ashiga tegishni mo‘ljal qilib turganda shu idora xizmatchisi kirib Xolidiyga hujjatlar to‘plamini uzatdi.
— Bu davru davronning qadriga yetmoq kerak, — dedi Xolidiy hujjatlarni varaqlay turib. — Shuncha yil ilm qilib hujjatlarning asl nusxalarini varaqlashga endi erishdik. Bizning fojiamiz shunda ediki, azizim, biz hujjat ko‘rmay, tarix ilmini yaratdik.
    «Bu odam ham to‘g‘ri gapirar ekan-ku, a? — deb o‘yladi Anvar. — Hujjatga asoslanmagan ilm yaratgani to‘g‘ri, ammo hujjatni o‘zi ko‘rishni istamaganmi yo yo‘l berishmaganmi? Bu odamga hamma eshiklar ochiq edi-ku? Endi nima uchun hujjat titkilab qoldi? Titkilash vazifasi shogirdlaridan ortmas edi?.. Qiziq...»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:36:58
    Anvar muhim ish bilan band odamday satrlarga ko‘z tikib jim o‘tiraverdi. Aslida o‘qiydiganini o‘qib, aniqlaydiganini aniqlab bo‘lgan, chiqib ketaverishi ham mumkin edi. Biroq, Xolidiyning tashrifi ajablantirgan, bu tashrifdan maqsad ne, intiho ne ekanini bilmoq istagi uni ushlab turardi. Xolidiy ko‘zlarini sahifalarga qadab harf terar, zarur joy kelganda xuddi yalab oladiganday tilini chiqarib qo‘yardi. Anvar zimdan kuzatar, uning qo‘lidagi hujjatlar kimga tegishli ekanini bilishga qiziqish tobora ortardi. Har baloga aqlim yetadi, deb hisoblovchi, haqiqat baribir qaror topadi, buning uchun kurashmoq shart, deb ishonuvchi Anvar bu hujjatlar to‘plami Xolidiy qo‘lidan ko‘p marta o‘tgani, «ustoz»ning fikri hozir bu hujjatlar bilan emas, boshqa narsalar bilan band ekani, hademay tilga kirajagini bilmas edi.
    «Dushmanni bir hamlada yo‘q qilish har qanday ahmoqning  qo‘lidan  keladi, — deb  o‘ylardi  Xolidiy. — Xudoga shukur, men ahmoq emasman. Men — merganman. Bir o‘q bilan istasam o‘n quyonni uraman. Dushmanni esa boshqa bir dushmanim qo‘li bilan yanchaman. Hamisha shunday qilib kelganmanmi, bu usul menga pand bermadimi, bundan keyin ham shunday bo‘ladi... Nodon bola... Hujjat titish senga nima beradi? Xo‘p, haqiqatni anglading, keyin nima bo‘ladi? Sening haqiqating hech kimga kerak emas. Har bir davrning o‘z haqiqati bo‘ladi. Esing butun bo‘lsa sen ana shu haqiqatni fahmlab ol. Yo‘-o‘q... bunga fahming yetmaydi. Sening haqiqating jinnixonada. Qani, meni kuzataver-chi. Ertaga boradigan joyingga borgach, meni sog‘inib qolarsan...»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:37:36
    Xolidiyning bu darajada dadil fikrlashi bejiz emas edi. U kecha muhim bir masalani yechib, ko‘ngli shodlangandi. Anvar jinnixonadan chiqib kelganidan beri uning ichini it tatalardi. Qariyb yarim yil badalida bu «bola»ni yo‘qotishni o‘ylab, boshi gangidi. Jinnixonadan Asadbek hukmi bilan chiqarilganini bilib ancha vaqtgacha hadiksirab yurdi. U umri mobaynida o‘ziga yoqmagan odamlarni g‘anim deb bilib, qanchasini yanchib tashladi. Ular oldida Anvar bir qumursqa. Oldiga ozgina shakar sepib qo‘ysa, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘ladi. Aslida olishishga ham arzimaydigan bir «mishiqi bola». Lekin shu mishiqining oliftagarchiligini hazm qila olmaydi. Bu oliftagarchilik boshqa yoshlarga yuqmasin, deydi.
    Xolidiy o‘ylay-o‘ylay, achchiqni achchiq kesadi, degan aqidaga amal qilib, Asadbekning kushandasi kim bo‘lishi mumkin, deb so‘rab-surishtirdi. Asadbek hammadan zo‘r bo‘lgani bilan albatta kimdir, qaysi bir kavakda turib bo‘lsa ham unga qarshi tish qayraydi. Kimdir chalishga payt poylaydi. Shunday odamning mavjudligini, uning nomi Hosilboyvachcha ekanini bilib, quvondi. Xolidiy Hosilboyvachchaning otasini yaxshi tanirdi. Ularning tanishligi    Hosilboyvachchaning bolaligi o‘tgan hovlining oldi-sottisidan boshlangan. Hukumat tomonidan Xolidiyning xizmatlari taqdirlanib, unga ikki qavatli uy berilgach, u mahalladagi hovlisini Omilga — Hosilboyvachchaning otasiga sotgan edi. O‘shanda bir kenglik qilib, joyning pulini birato‘la yaxlit holda emas, uchga bo‘lib bir yil davomida to‘lanishiga ko‘ngan edi. Omil uning bu himmatini unutmay, hozirga qadar ham izzatini joyiga qo‘yib, har ko‘rganda qulluq qilib turardi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:38:38
    O‘g‘lida shunday obro‘li odamning yumushi borligini bilgan Omil bu gapga ishonib-ishonqiramay ajablandi. Xolidiy buni sezib, izoh berishni lozim topdi:
— Endi Omilbek, zamon shunaqa bo‘lib qoldi. Idora bajara olmaydigan ishni o‘g‘lingizga o‘xshagan shovvozlar bir nafasda, xamirdan qil sug‘urganday do‘ndirib qo‘yishyapti.
— Birontasi qarz-parz olib, bermiyotibdimi? — dedi Omil soddalik bilan.
— Omilbek... shunaqa desak ham bo‘ladi, — dedi Xolidiy noxush ohangda.
— Yo‘q, siz qarzini qistaydigan odamlardanmassiz. Bir dardingiz boru aytgingiz kelmiyotibdi.
— To‘g‘ri fahmladingiz. Ba’zi ishlarni buyurtmachi-yu, bajaruvchining o‘zigina bilgani ma’qul. Har- holda, teshik quloq, tilning esa suyagi yo‘q. Hali bizning gapimizga Hosilboy nima deydilaru...
— Nima derdi, bizga bir ishingiz tushibdi. Biz himmatni unutadigan noshukur bandalardanmasmiz. Yuring, ketdik, uyiga boramiz.
— Shu yerga chaqira qolmaysizmi?
— Chaqirishga chaqiramanu kelishga vaqti bo‘ladimi, yo‘qmi...
Xolidiy shu gapdan Hosilboyvachchaning havosi ancha baland ekanini angladi. Katta boshini yana bir marta kichik qilish lozimligidan dili g‘ashlandi.
Hosilboyvachchaning uyida mehmon bor ekan. Shomil ularni shiyponga boshlab bordi.
— Shefni chaqirib bo‘lmaydi. Xohlasangiz kuting, bo‘lmasa ertaga keling, — dedi o‘tirishga joy ko‘rsatib.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:39:15
    Bu gapni eshitib, Omil savol nazari bilan Xolidiyga qaradi. Xolidiy Shomil ko‘rsatgan joyga o‘tirib «kutamiz» dedi. Baobro‘ ziyofatlarning to‘rida viqor to‘kib o‘tirishga ko‘nikkan Xolidiy uchun bu holda kutib o‘tirish xorlikday tuyulib, malol kelsa ham, erta kel, indin kel, degan gaplar chiqib qolishini hisobga olib, bu tahqirga chidadi.
    «Bularning ziyofatini ham bir ko‘rib qo‘yaylik-chi...» deb o‘zini ovutdi.
    Ziyofat ancha cho‘zildi. Xolidiy kelganiga pushaymon yeya boshladi. Bu yerga bosh egib kelishga majbur etgan Anvarni so‘kdi. «Ziyofat beruvchi uy egasi tashqariga ham chiqmas ekanmi?» deb g‘ijindi. Itining fe’li egasiga ma’lum deganlariday, Omilga o‘g‘lining bu qilig‘i malol kelmadi. Omil hayotida ozmi-ko‘pmi  xiyonat  ko‘chasiga  kirgan  bo‘lsa-da, bir narsaga — uyquga hamisha sodiq qolgan. Uyquning sharpasi sezilishi hamon uni noumid qaytarmagan. U faqatgina yurayotgan mahalida uxlashga o‘rganolmagan, boshqa har qanday holatda mizg‘ib olishi mumkin edi. Og‘aynilari «Omilga yostiqning rasmini chizib ko‘rsatsang ham uxlayveradi», deb bejiz hazillashishmasdi. Xolidiyga Omilning bu odati noma’lum bo‘lgani sababli, o‘tirgan yerida boshini osiltirib pishillashidan g‘ashi keldi. Ro‘parasida o‘tirib pivo simirayotgan g‘ilayga qarab jahli chiqdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:39:44
    «Kimsan, qanday odamsan ham demaydi-ya... Shunchalik dimog‘dormi bular. Omil to‘nka ham tanishtirib qo‘ymadi. Bu g‘ilay nima qilib o‘tiribdi o‘zi?..» Xolidiy shu zaylda bir oz g‘ashlanib o‘tirgach, o‘zini o‘zi ovuta boshladi:
    «Bular  kim o‘zi? Alifni kaltak deydigan befarosat odamlar. Ular uchun akademik ham bir, ko‘chada yotgan alkash ham bir. Bular odamning qadrini pul bilan o‘lchashadi. Agar ko‘chada yumalab yotgan alkashning cho‘ntagida ming dollar bo‘lsa, ularga akademikdan ko‘ra shu qadrliroq. O‘sha dollar uchun uning mishig‘ini ham artib qo‘yishadi. Agar men olim emas, falonchi boy bo‘lganimda bu g‘ilay hozir pivo ichib gazagiga oyog‘imni yalab o‘tirardi...»
    Xolidiyning toqati toq bo‘lib endigina ketishga jazm qilganda, ayvonda Hosilboyvachcha ko‘rindi. G‘ilay sapchib turib ko‘cha eshik tomon tez-tez yurdi. Bashang kiyingan ikki kishini Hosilboyvachchaning o‘zi ehtirom bilan kuzatdi. U ko‘chada uzoq qolmadi, xayrlashuv marosimi ortiqcha takallufsiz, tez tugadi. Shiyponga qaytib, avval otasi bilan, so‘ng Xolidiy bilan so‘rashdi. «Uzr, kuttirib qo‘ydim» kabi lutf unga begona edi. U otasining yoniga o‘tirib, yayrab kerishib, esnadi.
— Charchabsan, bolam, — dedi Omil.
—  Buyoqni tanimay turibman, — dedi Hosilboyvachcha, otasining mehribonchiligiga e’tibor bermay.
— Bu kishi Xolidiy domla, uyni shu odamdan olganmiz-da, esingdan chiqdimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:40:02
— Kunda mingta odam bilan muomala qilgandan keyin bunaqa gaplar esda qoladimi?
— Domla o‘shanda bizga rosa himmat qilganlar. Bir ishlari tushibdi. Yo‘q demay, qilib ber. — Omil shunday deb o‘rnidan turdi. — Gaplarini mensiz aytaveradilar. Men ketdim.
— Shomilga uchrang, bolalar olib borib qo‘yishadi,— Hosilboyvachcha shunday degach, Xolidiyga yuzlandi. — Bugun shoirlar bilan uchrashadigan kun ekan. Hali bittasi keluvdi.
— Men shoir emasan, — dedi Xolidiy.
— Adam «domla» dedilaru, baribir emasmi? — Hosilboyvachcha shunday deb og‘zini baralla ochganicha esnadi-da, so‘ng pastak kursi ustida yotgan kitobchani qo‘lga oldi. Xolidiy kitobni ko‘rgan, «bular ham o‘qishar ekan, durust», deb qo‘ygan edi. Hosilboyvachcha kitobni unga uzatdi. — Yozganini o‘qing.
Xolidiy dastxatni o‘qidi: «O‘zbekning ulug‘ farzandi Hosiljon akamizga jonim tasadduq».
— O‘qidingizmi? — dedi Hosilboyvachcha. — Gapini qarang. Ko‘chada bizni o‘g‘ri, deb so‘kadi. Ishi tushsa joni tasadduq bo‘lib qoladi. Vey shoir bola, men o‘g‘riman, shunday deb yozgani uyalmadingmi, dedim. Men bu kitobini boshimga uramanmi! — u shunday deb kitobni uloqtirdi. — Moshinasini o‘g‘irlab ketishibdi. Shunga ming‘irlab kelibdi. Hoynahoy, sizning moshinangizni ham shimo qilishgandir. Bizga himmat qilgan bo‘lsangiz ham aytib qo‘yay: men unaqa mayda ishlar bilan shug‘ullanmayman.
— Mashinamni o‘g‘irlashganda kimga borishni bilardim, — dedi Xolidiy. Bu bilan «sizlarning davrangiz menga ma’lum» deb shama qildi. So‘ng gapni uzoqroqdan boshlab, muddaosini bayon etdi. Hosilboyvachchaga uning gaplari avvaliga erish tuyuldi, esnadi, kerishdi. Asadbek nomi tilga olingach, bir oz sergaklandi. Ana shunda Xolidiy bu yerga kelib yanglishmaganiga ishondi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:40:23
Xolidiy gapini tugatgach, Hosilboyvachcha bir oz o‘ylandi-da:
— Shaharda boshqa jinnixona ham bor, — dedi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Yo butunlay qorasi o‘chsinmi?
— Yo‘q, yo‘q, — dedi Xolidiy. — Uning boradigan yeri — jinnixona.
— Chiqimidan qochmasangiz bo‘ldi. Ertaga Shomil sizga uchraydi. Ishni birgalikda pishitib olasizlar.
    Xunob bo‘lib kutganiga yarasha masala ko‘nglidagiday hal bo‘lib, quvondi.
    Hozir o‘ziga tanish sahifalarni varaqlay turib Anvarga xayolan gapirdi: «Sening masalang kecha hal bo‘lgan, bola. Bir qumursqani supurib tashlay olmagan Xolidiy bu dunyoda ortiq yashamasa ham bo‘ladi. Sen chiranma, bola. Agar seni yanchmay turib o‘lib qolsam, atrofimda yig‘lab qoluvchilar baribir seni yanchishadi. Men-ku, seni yosh, deb ayabman. Ular — o‘zingning do‘stlaring, ular ayashmaydi. Men ekkan daraxtlar meva beradi. U hech qachon qurimaydi. Sen men ekkan daraxtlar soyasida quriysan. Oftob ko‘rmay, suv icholmay quriysan. Sen tutantiriqdan boshqa narsaga yaramaysan...»
Xolidiy xayolidan shu gaplarni o‘tkazib, Anvarga qaradi:
— Vo darig‘! Vo darig‘! — dedi u sahifalarni shapatilab. — Zolim falakning beayovligini qarang. Kim shunday bo‘ladi, deb o‘ylabdi-ya! Imonli, insofli, diyonatli deb yurgan do‘stimizning etagiga axlat ilashgan ekan-u, a? Inoyatulloday odamning yuziga oyoq qo‘ygan ekan, a? Birga yurib biz ham bilmagan ekanmiz. Mana, hujjatning kuchi qaerda! Hamma narsa birdan oydinlashdi!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 30 Oktyabr 2007, 16:40:43
    Anvar bu gaplarni eshitib, Xolidiyning navbatdagi nayrangi boshlandi, deb o‘yladi. Inoyatullo nomini eshitgach, ancha sergaklandi. «Hujjatlar domla Inoyatulloning «ishi» ekanmi? Uning yuziga kim oyoq qo‘ygan?»
    Ahli ilm bu odamni o‘limidan so‘ng ham «domla Inoyatullo» deb hurmat qilardi. Asli turkman bo‘lgan bu olim o‘ttizinchi yillarda, yigit chog‘ida kelib qolgan, dastlabki qama-qama shamoli adolat istab kelgan bu yigitni ham chetlab o‘tmagan edi. O‘shanda bir yildan so‘ng afv etilib, yana ilmga qaytgandi. Zunnuniy merosi bo‘yicha Anvarning bobosi bilan matbuotda ancha tortishgani sababli uning qamalishiga shu bahsni asos qilib ko‘rsatuvchi gaplar ham mavjud edi. Xolidiyning xitoblarini eshitib, Anvar o‘sha gumonni esladi. «Buvang kim bo‘lgan, bilib qo‘y, jirillamay yursang ham bo‘ladi» degan maqsadda atayin kelgan shekilli?» deb o‘ylab, badaniga muz yugurdi.
— Inoyatulloni bilar edim. Bizga dars berardi. Papirosni tutatib olib, o‘ychan holda turib gapirardi. Men bunaqa o‘tkir tarixchini ko‘rmaganman. Bunaqasi boshqa tug‘ilmaydi. Zunnuniy merosi masalasida ko‘pchilik uni qoraladi. Bir yil o‘tirib chiqishi balki shundandir, Xudo biladi. Urushga borib kelganidan keyin yana qamab, yo‘q qilib yuborishlariga tushunolmay yurgan edim. To‘rt yil urushda unga necha ming o‘q otishgan ekan, qarang, mulla Anvarbek, shu minglarcha o‘qdan bittasi ham tegmabdi. Lekin bir-ikki bo‘hton o‘qi tegibdi. Shaxtada ko‘mir qazib yurganida falokatdan o‘libdi. O‘limidan so‘ng uch hafta o‘tib nomi afvi umumiyga yozilib tursa... Bo‘hton o‘qlari yomon ekan... Bu o‘qlarni kim otganini bilarsiz? Bilmaysizmi? Mening aziz do‘stim Hikmat O‘rolov. Yuvoshgina, mo‘mingina, beozorgina... Hamma uni yaxshi ko‘radi. Inoyatullo ham yaxshi ko‘rgan. Ammo bir gap aytib ketgan ekan. «Hikmat — baliq, qo‘lda ushlab turish mumkin emas». Zo‘r gap, a?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:07:53
    Anvar endi Xolidiyning muddaosini tushunganday bo‘ldi. Ilmda o‘zgarish kutilayotgan damda Xolidiyning ko‘p yillik faoliyati puch ekanini aytib, unga zarba bera oluvchi yagona olim — Hikmat O‘rolov edi. To‘g‘ri, u tabiatan ancha ehtiyotkor edi, ammo aytish mumkin bo‘lmagan gaplarni uningdek ustalik bilan ayta oluvchi ham yo‘q edi. Ilmda halollik va adolat bo‘lishini istagan yoshlar uni ustoz sifatida qadrlar edilar. Xolidiy yaqinlashib kelayotgan qora bulutni sezgan. Qichishadigan yerini avvalroq qashib qo‘yadigan bu odamning Hikmat O‘rolovni yanchish rejasida ekanini Anvar shu so‘zlarni eshitib angladi. Nafrati jo‘shib, joni hiqildog‘iga kelganday bo‘lib, o‘rnidan turdi.
— Ha, mulla Anvarbek, eshitmaydilarmi? — dedi Xolidiy, labini yalab.
— Ishimni tugatdim. Bir yerda zarur uchrashuvim bor edi, — dedi Anvar.
— Ha, boring. Zarur uchrashuvdan qolmaslik kerak... Darvoqe... mulla Anvarbek, eshitganlaringiz o‘zaro gap-a?
    Anvar «ma’qul» ishorasini qilib bosh irg‘adi-da, xonadan chiqdi.
«O‘zaro gap uchun shu yerga ovora bo‘lib kelib o‘tirarkanmi bu odam»deb o‘yladi u.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:10:04
3

    Anvar favvora yonidan o‘tayotib, beixtiyor to‘xtadi. Hovuz yuzasi ancha kirlangan, Xudo farosatdan qisgan odamlar tashlagan sigaret qutilari, qog‘oz parchalari, yana allanima balolar suv yuzasida qalqib turibdi. Kirlangan hovuzning naq o‘rtasida shiddat bilan ko‘kka qarab otilayotgan suv Anvarning diqqatini tortdi. Bu favvora yonidan ko‘p marta o‘tgan, hovuz sathining iflosligini, suvning shiddat bilan otilishini ko‘p ko‘rgan, ammo bu manzara xayolini bugungiday tortmagan edi. O‘rindiqlarga hali daraxtlarning soyalari yetib kelmagani tufayli, bo‘sh edi. Anvar oftobga orqasini qilib favvoraga tikilib o‘tirdi. Uning nazarida otilayotgan suv quvurlar orqali kuch bilan purkalmay, balki toza suv ifloslangan hovuzdan qochishga harakat qilayotganday edi. Toza suv bir zumgina bo‘lsin bu ifloslik bag‘ridan yulqinib chiqadi, bir zumgina bo‘lsin quyosh nurlarida rohatlanadi, ammo... nachoraki, butunlay uzilib keta olmaydi, yana shu hovuzga qaytadi. So‘ng... yana intiladi, so‘ng... yana qaytadi... Bu orada kimdir muzqaymoqni yeb, qog‘ozni g‘ijimlab shu hovuzga tashlaydi, kimdir sigaretini o‘t oldirib gugurt cho‘pini chertadi, kimdir tupuradi... Yaxshiki, atrof gavjum, bo‘lmasa boshqa bema’niliklarni qilishdan ham toymaydiganlar topilar. Balki qorong‘ida odam siyraklashgach, unday ish ham bo‘lar...
    Shu fikr xayoliga kelishi bilan ko‘z oldida Xolidiy gavdalandi. Nazarida o‘sha bema’ni ish faqat shu Xolidiyning yoki sheriklarining qo‘lidan keladiganday tuyulib ijirg‘andi. Hovuzga tupurib o‘tgan odamni ko‘rganida Hikmat O‘rolovning «ustoz» haqidagi gapini esladi.
    ... Bir odam har kuni besh mahal uydan atayin chiqib, mahalla hovuziga tupurar ekan. Mahalla ahli yaxshi gapiribdi — bo‘lmabdi, po‘pisa qilibdi — foyda bermabdi. Oxiri maslahat qilib, pul to‘plashibdi-da, «zora Xudo insof bersa», deb uni Makkai mukarramaga yuborishibdi. U odamning Makkaga borib birinchi qilgan ishi — Zamzam bulog‘iga tupuribdi...
    Hikmat O‘rolov bir kuni shu rivoyatni ayta turib «Ustozing shunaqa xilidan», deb qo‘ygan edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:14:06
    Anvar xayolini chalg‘itish uchun atrofga alangladi. Bu ham Hikmat O‘rolovning o‘giti. Anvarning arzimagan narsadan ham asabiylashib yurishini bilib, «asabingiz buzilgan damda atrofga alanglang, xayolingizni chalg‘iting», degan edi. Anvar bir necha marta bu o‘gitga amal qilmoqchi bo‘ldi, ammo eplay olmadi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Ko‘zi o‘ng tomondagi binoga tushib, beixtiyor o‘yladi: «Qachondir shu bino yerto‘lasida mahbuslar saqlangan ekan. Ular qanday qiynoqlarni ko‘rganlar — bilmaymiz. Qanchalari qiynoqlarga chidolmay necha-necha hujjatlarga imzo chekib berishgan ekan? Biz hozir ularni ayblaymiz, muhokama qilamiz. Oldinlari odamlar bu binoga qo‘rquv bilan qaraganlar. Endi atrofida bemalol sayr qilib yurishibdi. Shu binoning ro‘parasidagi maydonchada mazza qilib muzqaymoq yalashadi. Qiziq... hozir ham yerto‘lada mahbuslar bormikin? Paxta ishi bilan qo‘lga olinganlar balki shu yerdadir? Balki ularni ham qiynashayotgandir? Balki kimdir qiynoqqa chidolmay kimnidir sotayotgandir. Ayni shu damda sotayotgandir... Oradan yana ellik yil o‘tgach, yana kimdir hujjatlarni titib, ularning qilmishini muhokama etar, ayblar. Hozir esa... imzolar chekilyapti, shu imzolarga qarab hukmlar o‘qilyapti... Ellik yil avval Falonov bilan Pistonchiyan bu binoda gerdayib ish yuritishgan. Ajabki, hozir Pistonov bilan Falonchiyan shunday. Bu nima? Taqdir hazilimi yo qonunimi? Yana ellik yil keyin bu binoda kim gerdayib yuradi?..»
    Anvar bu binodan ko‘zini olib, favvoraga tikildi. «Narigi binoda «ustoz» o‘tiribdi. Nimalarni xayol qilib, qaysi tirnoq ostidagi qanday kirlarni izlayapti ekan? Hikmat domlaga borib aytayinmi? Nima deyman? «Sizga qarshi bir ish qilmoqchi» deymanmi? Buni eshitib, domla odaticha kulib qo‘yar. «Ustozingizning kasbi shu», deyish bilan cheklanar. Ichini it tatalasa ham sezdirmas. Men gap tashuvchi bir nodon bola kabi izimga qaytarman...»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:17:17
    Anvar hujjatxonadan chiqayotganidayoq Hikmat O‘rolovnikiga borishni mo‘ljal qilgan edi. Bir oz yurib, o‘ylangach, Xolidiyning maqsadini aniq bilmay turib borishni ma’qul ko‘rmadi. Favvoraga yana bir muddat tikilib o‘tirgach, oftobda qizib, o‘rnidan turdi-da, uyga qarab ketdi. Mahallaga yetganida «Elchinning xotini chiqqandir, xabar olay, yana oqibating yo‘q, deb ming‘irlab yurmasin», deb o‘ngdagi tor ko‘chaga burildi.
    Darvoza eshigi ochiq bo‘lgani uchun qo‘ng‘iroqni chalmay, ichkariga kirdi-da «Elchin!» deb chaqirdi. Elchin daraxt soyasiga buklama karavotni qo‘yib, uxlab yotgan edi. Anvarning ovozini eshitib, erinibgina boshini ko‘tardi.
— Sen ham o‘ris generallariga o‘xshab joningning huzurini bilasan, — dedi Anvar karavot qirrasiga o‘tirib. — Arman radiosidan «kunduzi kim uxlashi mumkin?» deb so‘rashganda «Boyning kuyovi» deb javob bergan ekan.
    Elchin uning haziliga jilmayib ham qo‘ymadi. Aslida Anvar ham hazillashadigan kayfiyatda emasdi. «Oshnamning dardi menikidan og‘irroq», degan fikrda o‘zicha Elchinning ko‘nglini ko‘tarmoqchi edi.
— Ha, — dedi Anvar uning tumtayib yotganini ko‘rib, — qani, bir o‘ng tomoning bilan tur-chi. Seni odam deb ko‘rgani keldim.
— Kelganing yaxshi bo‘ldi, uyingga bormoqchi edim,— dedi Elchin yotgan yerida.
— Nechuk? Biz g‘ariblarni...
— Bachkanalashma. Masala jiddiy, — dedi Elchin qaddini ko‘tarib. — Sen anavi gapni birovga aytibmiding?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:19:00
— Qaysi gapni?
— Asadbekning gumonini.
— Unimi? — Anvar chuchmalroq tarzda javob bermoqchi edi, ammo gapni aylantirib, aldagisi kelmadi. — Aytuvdim... bir tanish prokurorga...
— Uningni aralashtirma, devdim-ku?
— Aralashtirganim yo‘q. Shu masaladan ogoh bo‘lib turing, Asadbek tuhmat qilib qolsa, laqqa tushmang, dedim. Birov surishtirdimi?
— Prokuraturaga chaqirtirishdi.
— Kim?
— Sharipov degani.
— Zohidmi? Nima dedi?
— «Qaynotangiz nima uchun sizdan gumonsiradi?» deb so‘radi.
— Nima deding?
— Nima sababdan gumonsiraganini bilmayman. Bilib qolsam, Anvar degan laqma oshnam bor, o‘shanga aytaman, sizga oqizmay-tomizmay yetkazadi. Keyingi paytda shunaqaroq bo‘lib qolgan, dedim.
    Bu gapdan Anvar ranjidi. «Shuni odam deb yo‘qlab keldimmi?» deb afsuslandi. Hozir uning pichingiga javob qaytarsa gap talashib qolishlari mumkinligini bilib, indamadi. Boshini xam qilib o‘tirdi. Elchin bu holatni pushaymonlikdan deb tushunib, jahl otidan tushdi. Bir nafaslik sukut keraksiz gaplar seli yo‘liga to‘g‘on bo‘ldi.
— Zaynab chiqmadimi? — deb so‘radi Anvar boshini ko‘tarmay.
— Uch-to‘rt kundan keyin, deyishyapti.
— Tezroq chiqsa sen ham tinchirding, uying ham huvillamas edi. Xotinim onasinikiga ketsa, uy meni yutvoray deydi. Bir kunga zo‘rg‘a  chidayman. Tag‘in ham sen temirdan ekansan.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:19:57
— Sen ham tinchirding, deysanmi?.. Qaydam... Men go‘rda ham tinchimasam kerak. Jinnixonadaligingda dunyoning formulasini topganingni aytuv-ding, esingdami?
— U esdan chiqadigan formula emas.
— Men ham bekorchilikda yoti-ib, boshqacharoq formula kashf etdim, — Elchin shunday deb ko‘krak cho‘ntagidan shapaloqday gazeta parchasini olib uzatdi.
Anvar gazeta hoshiyasidagi Elchin «formula» deb atagan yozuvni  o‘qidi:
— «Dunyo = qalloblik + firibgarlik + muttahamlik + hasad + ig‘vo + poraxo‘rlik + zo‘rlik + kazzoblik + fahsh = (o‘lim)». Formulangga uncha tushunmadim?
Elchin gazeta parchasini uning qo‘lidan olib, ikki bukladi-da, yana cho‘ntagiga soldi.
— Tushunish uchun o‘qish kerak. Buning maktabida men o‘qib kelganman.
— Shunaqa dono bo‘lib ketdingmi? — dedi Anvar kesatib.
— Endi bildingmi? O‘n yil akademiyada o‘qidim. Sen bitta qallob bilan olishib ming‘irlab yuribsan. Men ko‘rgan qalloblar oldida seniki farishtaning o‘zi-ku?
— Ol-a! Sen shu farishta bilan o‘n yil emas, o‘n kungina birga bo‘lsang bilarding.
— Men bilgan narsalarni bilishing uchun sen yana yuz yil yashashing kerak. Men kashf etgan formula — haqiqat! Buning chorasi esa yolg‘iz o‘lim. Qallobni o‘ldirasan — firibgar senga ro‘para bo‘ladi. Firibgarni o‘ldirsang, fahshga duch kelasan. Bularni o‘ldirib qutuldim, deb turganingda qallobning farzandi ulg‘ayib turibdi-da. Qayoqqa qochasan? Birdan-bir panohing — o‘lim!
— Sen menga taqlid qilyapsanmi?
— Senga ahmoq odam taqlid qiladi.
— Unda o‘limni istab qoldingmi?
— O‘lgim ham yo‘q... Xohlaymizmi, xohlamaymizmi qachondir o‘lamiz. Ungacha muttahamlarning oyoqlari ostida xor bo‘lib yashash alam qiladi. Dunyoni osonlikcha ularga tashlab ketish undan ham yomonroq.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:20:38
— Ko‘nglim xijil bo‘lib turuvdi, yurakni battar siqding.
— Ana shunaqa, haqiqat chatoq narsa. Hatto adolatparvar olimlarning ham yuragini siqib yuboradi.
— Bas qil, bo‘lmasa hozir yorilib ketaman, — dedi Anvar ovozini bir oz balandlatib. — Men bu yerga bir ish bilan keldim. Qaynotangga uchrashishim kerak.
— Nechuk, qaynotamga ishing tushib qolibdi? Bunaqa odamlardan hazar qilar eding-ku? Formulamning yana bir isboti bu: dunyo shunaqaki, hazar qilgan odamlaring qarshisida tiz cho‘kasan.
— Formulangni qo‘ya tur. Qaynotang bitkazib beradigan ishim bitmay qo‘ya qolsin. Bir marta jinnixonadan chiqarib bergani butun umrimga tatiydi. Esingdan chiqdimi, otasi masalasida iltimos qiluvdi. Arxivni kavlashtirdim, endi natijasini aytishim kerak.
— O‘zi nimayu otasi nima bo‘lardi?
Bu gapni eshitib, Anvar kulimsirab, qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi:
— O‘, kuyov bola, sal pastroq tushing. Ertaga «Elchinboy falonchining nevara kuyovi» deyishsa kerilib yurarsiz. Katta qaynotangizga atalgan imtiyozlardan foydalanib mashinalar, uylar olarsiz...
— Aravani quruq olib qochish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lar ekan, bormaysanmi? — dedi Elchin, ensasi qotib.
— Hazillashayotganim yo‘q. Jiddiy aytyapman. Zo‘r odam ekan. Eshit...
Anvar hujjatlarda o‘qiganlarini bir boshdan bayon etdi. Elchin uning gaplarini bo‘lmay eshitdi. O‘rnidan turib, sigaret tutatdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:22:09
— Xo‘sh, endi nima deysan? — dedi Anvar g‘olib odamning ovozida.
Elchin darrov javob bermadi. Bir oz o‘ylanib turgach, buklama karavotning qirrasiga o‘tirdi.
— Nima derdim, kesakdan olov chiqibdimi? Bunaqa qahramonlar son mingta. Sezib turibman, sen hujjatlarni o‘rganib, o‘zingcha bir narsani kashf etgansan. Hozir shuni pesh qilib, men bilan bahslashasan.
— Sezgingdan o‘rguldim, sening. Qani, ayt, nimani sezding? — Anvar shunday deb qog‘ozlarini tartibga keltirdi.
— Sezganim shuki, otasi qamalmasa, Asadbek bunaqa bo‘lmas edi, yaxshi odam bo‘lardi, demoqchisan.
— To‘g‘ri.
— Unda ayt: boshqa ming-ming qamalganlarning bolalari-chi? Ular ham Asadbekka o‘xshashadimi?
— Hammaning sharoiti bir xilmi? Men qaynotangning yonini olmoqchi emasman. Ammo jamiyatning, muhitning aybini ham chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Dunyoda hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Qiziq narsa, eshitgin-a: urush bo‘lmasaydi, Asadbekning otasi jangga bormas edi. Asirga tushmasaydi, Yugoslaviya partizanlari safida yurmas edi, shunday ekan, demak, qamalmas ham edi, qamalmagach, bolasini yaxshi tarbiya qilar edi. Asadbek yaxshi odam bo‘lsa, demak, Noila o‘ldirilmasdi, sen qamalmasding, Jamshid tirik qolardi. Va nihoyat...
— Va nihoyat, — dedi Elchin, do‘stining so‘zini bo‘lib, — sen arxivda hujjat titib kelib, mening boshimni qotirmasding.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:23:25
— Maynavozchilik qilmay tur. Yana bir narsa...
— Yana bir narsa shuki, — dedi Elchin gapni  bo‘lib, — adang oyingga uylanmaganlarida sen tug‘ilmas eding, men ham mag‘zava gaplardan qutular edim.
— Hali gapimiz mag‘zava bo‘ldimi? — dedi Anvar ranjib.
— Mag‘zava bo‘lmay nima? Unaqa bo‘lmasaydi, bunaqa bo‘lmasaydi... Bu Asadbek bo‘lmasa, boshqasi chiqardi. Unisi bo‘lmasa bunisi o‘ldirardi. Jamshid Asadbekka xizmat qilmasa, ana, Hosilboyvachchaga, hatto Manasyanga xizmat qilaverardi. Peshonaga yozilganidan keyin kimga xizmat qilsa ham baribir shunaqa o‘lim topardi. Yuzta-yuzta qilamizmi, otasanmi?
— Yo‘q, menga qaynotangni topib ber.
Elchin ichkari kirib, telefon qilib chiqdi:
— Shu yerda o‘tirib tur. Hozir kelib, izzatingni joyiga qo‘yib olib ketishadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:25:29
4

    Elchin qo‘ng‘iroq qilganida Asadbek uyida xotini bilan gaplashib o‘tirgan edi. Bugun ertalabdan eti uvishib, yuragi siqilib turgani uchun ko‘chaga ham chiqmadi. A’yonlari kelishgan edi, ularga ham javob berib yubordi. Yolg‘iz qolishni istadi. Xotiniga achchiq mastava buyurdi. Ovqat pishgach, ishtahasi bo‘g‘ildi, bir-ikki qoshiq ichgan bo‘lib, kosani surdi. Keyingi paytda yelkasidan bir nima bosib, suyaklari zirqiraydigan, nafasi qaytib, yuragi siqiladigan bo‘lib qolgan edi. Shunaqa paytda odam zotini ko‘rgisi kelmay qolardi. Bu hol bir-ikki qaytarilgach, xotiniga aytdi.
— Voy adasi, darrov o‘qitib tashlash kerak, — dedi Manzura.
Asadbek bunaqa narsalarga ishonmas edi, qo‘l siltab qo‘ya qoldi. Lekin Manzura aytganini qildi: erining ko‘ylagi, ro‘molchasi, qant, choy, mayiz olib borib domlaga dam soldirib keldi. Shu amalning ta’sirimi yo boshqa sababmi, keyingi bir oy ancha yengil edi, nechundir bugun ertalabdan og‘ir bo‘lib turdi.
— Adasi, doni qolsa ham, suvini iching, — dedi Manzura, yalinish ohangida.
Asadbek xotinining ko‘ngli uchun yana bir qoshiq ichdi-da:
— Zo‘rlama, — dedi. — Ko‘nglim g‘ash. Ishtaham yo‘q.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:26:30
    Manzura kosani olib xontaxta chetiga qo‘ydi-da, boshini egib indamay o‘tirdi.
Ertalabdan beri Asadbekning nazarida uy huvillab, egasiz bo‘lib qolganday tuyulayotgan edi. Hozir xotinining mung‘ayib o‘tirishiga qarab faqat uy emas, vujudi ham egasiz ekanini, ruhi ham huvillab qolganini his qildi. Ajab... axir kecha ham, bir oy oldin, yarim yil oldin ham ahvol shu edi. Kunlik ishlar, tashvishlar quyosh botishi bilan chekingach, er-xotin yolg‘iz qolishardi. Ammo nechundir Asadbek yolg‘izlikning tirnoqlari temirdan ekanini, zabtiga olganda bu qadar ayovsiz bo‘lishini sezmagan edi.
    «Tag‘in ham Manzuraga qoyil qolishim kerak. Zaynab uzatilganidan beri uyda bir o‘zi... Kun bo‘yi qaytishimni kutadi. Avvalgiday joynamoz ustida o‘tirib, qo‘rqib kutmasa ham, xavotirlanadi. Men haqimdagi mish-mishlarni eshitadi. Eshitadi-yu... bu laqma shu gaplarning ko‘piga ishonadi-ya?.. He, noshud... Kechqurun esa men kelaman... jahlim chiqsa ko‘pirtirib so‘kib qolaman. Shunda ham chidaydi...».
    Asadbek xayolidan shu gaplarni o‘tkazib, ajablandi. «Menga nima bo‘lyapti? Bunaqa gaplarni o‘ylamasdim. Qiziq...».
    O‘zi gapirmasa xotinidan sado chiqmasligi Asadbekka ayon. Shu sababli nimadir deb, u o‘laksa sukunatni haydashi lozim edi. Bugun bosh tabib Zaynabning ahvolini bayon etgan bo‘lsa-da, xotinidan so‘radi:
— Qizing bugun-erta chiqib qoladimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:27:19
Manzura eriga qaradi, keyin gunohkor odamday ko‘zini olib qochdi:
— Ertaga chiqaramiz, deyishuvdi, bugun yana mazasi qochibdi. O‘zim ham qo‘rqib ketdim.
— Nima bo‘ldi?
— A’zoi badanida birdan titroq turib o‘zini bilmay qoldi. Hartugul, ukoldan keyin tinchib, uxladi.
— Kasalxonadan chiqa qolgani ma’qul. Kasallarni ko‘raverib, dardi battar oshadi. Uyiga qaytsa, yengillashadi. Do‘xtirlar kelib, qarab turishadi.
— Uyga kelgani ma’qulku-ya... — Manzura shunday deb, hadiksiraganicha eriga bir qarab oldi.
— Gapingni yamlama, — dedi Asadbek, noxush bir yangilik aytilajagini sezib.
— Endi... qanday yashab ketarkin, deyman-da...
— Bu nima deganing? Oldin qanday yashagan bo‘lsa, bundan keyin ham o‘shanday yashayveradi.
— Eriga g‘alati gaplarni aytvordi-da...
— Qachon?
— Osgan kuni... Kuyovingiz keluvdi-ku?..
— Nima dedi?
    Manzura eshitganlarini bir oz yumshatib aytishga harakat qildi. To so‘nggi so‘z tilidan uchgunga qadar azoblandi. Yuragi tuzoqdagi qush kabi potirladi. Agar uni birov bo‘g‘sa yoinki bo‘g‘izlasa, bunchalik azoblanmagan bo‘larmidi... Bunaqa ahvolda ayol kishining suyanadigan tog‘i — yig‘i bo‘ladi. Ammo Manzura yig‘lashga eridan qo‘rqdi. Gapira turib dam-badam eriga xavotir bilan mo‘ltillab qarab qo‘ydi. Gapirib bo‘lgach, qochib chiqib ketgisi keldi. Nailojki, bunday qilolmadi. Endi erining so‘zini, hukmini tinglashga majbur edi. Hukm Manzura kutmagan holda, birgina so‘zdan iborat bo‘ldi:
— Ahmoq!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:28:05
Erining ovozida titroq sezib, Manzura cho‘chidi — bu yaxshilik alomati emas...
— Jon achchig‘ida aytdi-da, — dedi qizini oqlashga harakat qilib. — Hamma gapi yolg‘on, alamidan aytib yubordi.
— Sen ahmoqsan! — dedi Asadbek ovozini ko‘tarib. — Shu gapni aytgunicha indamay turdingmi? Urib, og‘zini yorib yubormadingmi?
— Voy, adasi...
Manzuraning gapi chala qoldi. Asadbek shu paytgacha qilmagan ishini qildi — choyi sovib ulgurmagan piyolani olib, xotiniga qarab otdi. Jaholat bilan piyolani qo‘lga olganida qandaydir g‘oyibona bir ovoz «bunday qilma!» deganday bo‘ldi. Ammo piyolani otish uchun qo‘lga olgan, demak, otmog‘i lozim edi. Ayni chog‘da, g‘oyibona ovoz hukmidan ham qutula olmadi — mo‘ljalni atay buzdi. Piyola Manzurani yonlab o‘tdi-da, deraza tokchasiga tegib, sindi. Manzura qo‘rquvdan sapchib, o‘rnidan  turdi.
— O‘tir! — deb baqirdi Asadbek.
Manzura endigi bo‘ladigan hukmni, yoki harakatni kutib, titroq barmoqlarini dasturxon popugi  ortiga yashirib o‘tirdi.
— Qizing to‘g‘ri erinikiga boradi. Gapni chuvalaydigan bo‘lsa o‘zim osaman uni!
Manzura eriga qaradi. Qo‘rquvdan javdirayotgan ko‘zlarida «Kimni, kuyovingiznimi yo qizingiznimi?» degan savol muhrlangan edi. Asadbek bu savolni uqdi:
— Qizingga tayinla, qadamini bilib bossin. U ko‘chadagi bir qalang‘i-qasang‘ining emas, Asabdekning qizi! Men qizimning baxtli bo‘lishi uchun hech narsadan qaytmayman.
    Asadbek o‘sha voqeadan so‘ng, vaqti kelsa nomus haqida gapirib qo‘yaman, deb o‘ylagan edi. Hozir aytishni ham mo‘ljal qildi. Lekin xotinining ahvoliga qarab, bugunga shunisi ham yetarli, degan to‘xtamga  keldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:31:04
    Xuddi shu paytda Elchin telefon qildi. Qo‘ng‘iroq ovozini eshitib, Manzura o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi edi, Asadbek: «O‘tiraver, bolalar olishadi», dedi. Manzura gap tamom bo‘ldi shekilli, deb dasturxon ustini  yig‘ishtira boshladi. Bu orada boloxonadagi yigitlardan biri derazani asta chertib, ovoz berdi:
— Bek aka, Hofiz akam so‘rayaptilar.
    Bu xabarni eshitgan Manzura eriga savol nazari bilan boqib, joyida qotdi. Asadbek o‘rnidan turib «ishingni qilaver», dedi-da, uy burchagidagi yumaloq stol tomon yurdi. Sadaf rangli telefon go‘shagini qulog‘iga tutdi-da:
— Ha, Hofiz, tinchlikmi? — dedi.
Elchin maqsadni bayon qilgunicha uning gapini bo‘lmadi. So‘ng:
— O‘sha yerda o‘tira tursin. Hozir mashina yuboraman, — deb gapni kalta qildi.
Manzura hanuz eriga savol nazari bilan qarab turardi.
— Ishingni qilaver, dedim-ku! Senga taalluqli gap emas, — dedi Asadbek zarda bilan. Keyin xotinining mo‘ltillagan ko‘zlariga ko‘zi tushib, unga rahmi keldi. Picha yumshoqroq ohangda unga dalda bermoqchi bo‘ldi: — Zaynabdan ko‘ngling xotirjam bo‘lsin. Kuyoving bitta gapga ishonib ketadigan ahmoq emas. Ishonganida shu paytgacha bir narsa derdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:32:02
    Telefon xabarini yetkazgan yigit ayvondan uzoqlashmay, Bek akasining amrini kutib turgan edi. Asadbek tashqariga chiqdi-da: «Mahmud akangni top», deb buyurdi.
    Jamshid yo‘q bo‘lganidan beri ayrim dastyorlik ishlari ham Chuvrindining zimmasida edi. Bir necha daqiqadan so‘ng yigit «telefonda Mahmud akasining kutayotganini» ma’lum qildi.
— Mahmud, dam olayotuvdingmi? — deb so‘radi Asadbek.
— Xizmat bo‘lsa aytavering, — dedi Chuvrindi.
— Hofiznikiga o‘tsang, oshnasi o‘tiribdi. Shu yigitni tez olib kel. Ha, hali so‘rash esimdan chiqibdi: mashina masalasi nima bo‘ldi?
— Oqidan yo‘q emish. Nol to‘qqizning oqidan bor. Odamlar hozir shunga ishqiboz.
— Odamlar ishqiboz bo‘lsa olaversin. Menga yoqmaydi, o‘risning tobutiga o‘xshaydi. Uzog‘i bilan ikki kun ichida bo‘lsin. Zaynab shunga qarab, yo erta, yo indin chiqadi. Erining o‘zi o‘sha mashinada olib chiqishi kerak.
— Yaxshi. Kalitni o‘zingiz berasizmi?
— Shunga ham dabdabami? Mashinani olib bor. Kalitni ber. Gapni kalta qil. Oliftagarchilik qilib ming‘irlasa e’tibor berma. Ha, yana bir gap: yigitlaringdan biriga tayinla — yaxshilab bozor qilib, olim bolaning uyiga tashlab qo‘ysin. «Anjondan keluvdik, bir suhbatlarini olmoqchi edik, yana kelamiz»mi degandek gap qilsin, — Asadbek shunday deb go‘shakni joyiga ildi.
    «Olim bolaning xabarini eshitishimni sezganimdan yuragim siqilgan bo‘lsa kerak», deb o‘ylab, Anvarning kelishini kuta boshladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:35:29
XIII  b o b

1

    Sharif Namozovning qamoqdan chiqarilishi haqidagi xabarni olib kirganidan beri bu odamni Zohid yoqtirmay qolgan edi. Keyinroq bilsa, prokuror yordamchisi bilan yaqin aloqada bo‘lgan bu tergovchini boshqalar ham uncha xushlashmas ekan. «O‘zi chaqa olmaydi, ammo odamni seskantiradi, bu — suvilon», deb atasharkan uni. Uning qo‘lida tayinli ish ham yo‘q. Hali u xonaga, hali bu xonaga kirib laqillashdan boshqa narsani bilmaydi. Uning odati shumi, yo gap o‘g‘irlab yuradimi — Zohid aniq aytolmaydi. Unga ma’lum bo‘lgani — «Suvilon» kirishi bilan tilga qulf urmoq zarur. Qo‘shningni o‘g‘ri tutma, ammo o‘zingdan ehtiyot bo‘l, deb bejiz aytishmagan-da.
«Suvilon»ning suhbatidan bahramand bo‘lish baxti bugun Zohidga nasib etgan ekan.
Zohid eksgumatsiya xulosalarini o‘qib o‘tirganda u kirib keldi.
— O‘, yosh hamkasbim, ishdagi yutuqlar qalay, yaxshimi? — deb ko‘rishdi.
O‘zidan ikki-uch yoshgina katta bu «yoshulli hamkasb»ning lutfi Zohidning g‘ashini keltirdi. «Boshimni qotirmay tezroq chiqib ketarmikin», degan o‘yda ro‘yxush bermay ko‘rishib:
— Yuribmiz, tuproqdan tashqarida, — deb qo‘ydi.
— Qoyilman, chiroyli gap aytdingiz, — dedi «Suvilon» kulib. — Bizning sohamizda tuproqdan tashqarida yurishning o‘zi katta boylik! Ishdan gapiring, ishlar qalay?
— Bo‘lyapti.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:37:19
— Tezroq bo‘ldirishga harakat qilavering. Lekin sizga ham havasim keladi, ham achinaman.  Havasim kelganiki, zo‘r ishlarni sizga ishonib topshirishdi. Eplasangiz, tez ko‘tarilib ketasiz. Achinishimning sababi shuki, hali g‘o‘rsiz. Eplay olmasangiz, fisht, — u «kelgan joyingizga qarab jo‘naysiz», degan ma’noda hushtak chalib qo‘ydi. — Lekin siz tushkunlikka tushmang. Qiynalsangiz, mana, biz bor. Tortinmang. Sizga shahar «ugro»sidagi Soliev yordam beryaptimi? Omadingiz yo‘q ekan, lanj u odam, ishni rezinkaday cho‘zadi. O‘rdakka o‘xshab, tumshug‘ini balchiqqa tiqib olib, loy titkilaydi.
— Cho‘zsa ham puxta ishlaydi. Xom ishdan puxtasi durust-da.
— Yanglishyapsiz. Bizning ishimizda eng birinchi galda tezlik turadi. Bilib qo‘ying, yangi bo‘lgan eng kattamiz boshlig‘imizni suhbatga chaqirib «sust ishlayapsizlar» deganmish. Tushundingizmi? Yangi rahbarning talabi ham yangicha bo‘ladi. «Sust ishlayapsizlar» debdimi, demak, bizdan operativlik talab qilinadi. Ishni cho‘zdingmi, tamom, joyni bo‘shataver. Mana, siz: bo‘yningizda ikkita qotillik turibdi. Ikkita retsidivistni ushlabsiz. Nima qilmoqchisiz?
— Nima qilardim, tergov-da.
— G‘o‘rsiz, dedim-ku. Omad qo‘lingizga qo‘nib turibdi-ya! Guvoh bormi, bor. Oldingi qotillikni ham ularning bo‘yniga qo‘ying-da, yoping ishni. Ularning borar yeri tayin, — u shunday deb barmog‘i bilan havoda sirtmoq shaklini chizdi. — Bitta qotillikka ham shu, o‘ntasiga ham. Nima so‘rasa, xo‘p deng, va’dani kattaroq qilavering. Bo‘yniga oladi. Ishning ko‘zini bilish kerak, uka.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:39:00
Uning gaplarini eshitib, Zohidning ko‘nglida bir shumlik uyg‘ondi.
— Shunaqa deysizu talabini bajarish qiyin-da,— dedi u, sodda odamning niqobiga kirib.
— Nima deydi? — dedi «Suvilon» sergak tortib.
— Qotillikni bittasi bo‘yniga olmoqchi. Shuning evaziga sherigini, yana ikki kishini chet elga o‘tkazib yuborishi kerak ekan. Bu mening qo‘limdan kelmaydi-da.
— E, siz va’dani beravermaysizmi?
— Petrashvili degani pixini yorgan ekan. Avval ular chet elga ketsin, o‘sha yerdan menga xat yozsin, keyin men bo‘ynimga olaman, deydi.
— Obbo zang‘ar-e, qaltis joyidan ushlabdi. Men bir o‘ylab ko‘ray-chi, yo‘li topilar, — «Suvilon» shunday deb xonadan chiqishga shaylandi.
    Zohid bu gapni shunchaki qitmirlik uchun aytgan edi, uning o‘zgarishini ko‘rib, ajablandi-da, eshikka yetgan joyida to‘xtatdi.
— Sizda mabodo Mahmud Ehsonovning telefoni yo‘qmi?
«Suvilon» to‘xtab, orqasiga o‘girildi:
— Mahmud Ehsonov? Kim u? — deb so‘radi talmovsiraganday bo‘lib.
— Ikkinchi murdani uning uyidan chiqarishgan-da. Asadbekka yaqin odam, deb eshitdim.
— Uni nima qilmoqchisiz?
— Hech nima qilmayman. Faqat eksgumatsiya xulosasi bilan tanishtirib qo‘yay devdim.
«Suvilon» bu gapni eshitib, o‘ylandi-da:
— Bir qaray-chi, bo‘lsa aytaman, — deb xonadan chiqdi.
«Agar Ehsonovning telefonini olib kirib bersang, g‘irt ahmoq bo‘lasan», deb o‘yladi Zohid.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:40:13
2

— Ha, «Suvilon»ing chindan ham ahmoq ekan, — dedi mayor Soliev, Zohidning gaplarini eshitgach.
— Bechora dovdirab qolgan. Agar bu qilmishini egalari bilib qolsa...
— Bilib qolishsa ham buni balo urmaydi. Buning ahmoqligini egalari bilishmaydi, deysanmi? Har- holda, aqlli odam ularga xizmat qilmas deyman-ov...
— Har qanday idorada hech bo‘lmasa bitta ahmoq topiladi, demak, ular istagan idoralariga in qo‘yishlari mumkinmi? Gapingizni shunday tushunishim kerakmi?
— Xohlasang shunday tushun, xohlamasang o‘zing bilasan. Aniq gap shuki, ular hozir istagan idoralariga kirib bora oladilar. Lekin bunga bitta-ikkita ahmoqni sabab qilib ko‘rsatish noto‘g‘ri. Asadbekka o‘xshagan odamlar o‘tgan tarixda ham bo‘lgan. Bunaqalar nihoyatda ziyrak, payt poylashadi. Agar hokimiyat qattiqqo‘llik ko‘rsata boshlasa, bular in-inlariga kirib ketadilar, qo‘ydek yuvosh tortadilar. Shoirlarning tili bilan aytsam, bo‘rilar qo‘y po‘stiniga o‘ralib, payt poylashadi. Bo‘rining urg‘ochisi qo‘chqordan qochsa ham baribir bo‘ri tug‘adi. Bular qo‘y po‘stagi ostida urchib yotaverishadi. Hokimiyatda bo‘shanglar paydo  bo‘lsa — tamom, qo‘y po‘stini yechiladi. Hozir biz shunaqa davrning cho‘qqisiga keldik. Sen mening «qarilik gashtini surishga» qanday ketganimni bilarsan?
    Zohid bu voqeaning tafsilotini orqavorotdan eshitgan edi, shu bois xijolatdagi odamning kulimsirashi bilan «yo‘q», deb qo‘ydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:40:51
— Chet elda ishlab kelgan ikki odamning uyini o‘g‘ri uribdi. Iziga  tushdim. Tappa bosdim. Ishonasanmi, o‘n olti-o‘n yettidagi bolalar. Pulga muhtoj ham emas. O‘g‘riboshisi kattalardan birining bolasi ekan. Ota-onasi dam olishga ketib, uyida maishat qilib yotgan ekan. Sheriklari ham o‘ziga o‘xshagan takasaltanglar. Ayblarini bo‘yinlariga qo‘ysam ham o‘zlariga suv yuqtirishmaydi. Bezgina bo‘lib turaverishdi. «Bitta telefon qilib olsam maylimi» devdi, «qani, nima qilarkin», deb ruxsat berdim. Mening xatoim shu bo‘ldi. Bola otasining yordamchisiga qo‘ng‘iroq qildi. Biz o‘g‘irlangan mollar ro‘yxatini olgunimizcha yordamchi yetib keldi. Avval yumshoq gapirdi, keyin po‘pisa qildi. Ikki soatlardan keyin  bolaning otasi Yaltadan telefon qildi. Ochiq savdo bo‘ldi. Men bolalarni qo‘yib yuboradigan, u esa falon-falon narsalarni undiradigan bo‘ldi. Savdo pishmadi. Ertalab boshliq chaqirib turibdi. Yana yaxshi gap, yana nasihat, yana po‘pisa... Bularning tili birligini ko‘rib, hayron qolasan. Xipchin ushlagan joyingdan emas, egilgan yeridan sinarkan. Men xipchinning bir uchini ushlab ahmoq bo‘lib qolaverdim. Avval to‘rt xonali  uyni bo‘shat, er-xotinga bir xonali ham bo‘laveradi, deyishdi. O‘g‘limning oilasi bilan chet el xizmatida ekani, hademay qaytishiga ham parvo qilishmadi. Uyni bo‘shatdim. Yangang bilan ajralib ketishimga sal qoldi. Xullas, izzat-ikromsiz qarilik gashtini surishga kuzatishdi. Bir yarim yildan keyin haligi kattaning o‘zi qarmoqqa ilindi. Bolasining ishi qayta qo‘zg‘alib, men yana ishga qaytdim. Mukofot tarzida menga  endi besh xonalik uy ham berishdi. Ko‘rdingmi, ahvolni? Sen adolat tantana qildi, deb o‘ylayapsan, a? Bekor gap! — Soliev shunday deb qo‘l  siltadi. — Hali kattaning aybini yana ham bo‘rttirish uchun meni eslab qolishdi. Hozirgi kattalar o‘zlarini adolatli qilib ko‘rsatishga urinishyapti. Ular boshqalarga jilmayib qarashadi, barmoqlari esa bo‘g‘zimizda. Bo‘g‘ib turib «nega yaxshi nafas olmaysan», deb bizni ayblashadi. O‘zlari esa oppoq. Mana, kechagi rahbaringni qara: Farg‘onadagi fojianing sababini qulupnay bozoridan qidirib, katta minbarda laqillatdi. Endi dumini tugishar, devdim, yana ham kattaroq amalni berib o‘tirishibdi. Yuqoridaki shunaqa ahvolmi, pastdagilarga ajablanma.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:41:58
— Pashshangni qo‘rib o‘tiraver, demoqchimisiz?
— Bu  endi  har  kimning  vijdoniga  havola. Men ko‘pni ko‘rdim. Bilganim shuki, tegirmon toshi bir xilda aylanmaydi. Lekin zamon o‘zgarguncha chidashga to‘g‘ri keladi. Ke, qo‘y, bu gaplarni, — Soliev shunday deb tizzasiga shapatiladi. — Nimaga chaqirding?
— Eksgumatsiya natijasini oldim. Dastlabki ekspertiza natijasi asosan tasdiqlandi. Eksgumatsiyaga Ehsonovni chaqirtirgan edim, kelmadi.
— Keladi, deb o‘ylovdingmi?
— Kelishiga o‘zim ham uncha ishonmagan edim. Kelmagani bir jihatdan yaxshi bo‘ldi. Uyiga borishga bahona izlab turuvdim.
— Uyida nima qilasan?
— Bir ko‘ray-chi, qanday yashar ekan?
— Ish uchun zarur deb o‘ylaysanmi?
— Yo‘q, o‘zim shunchaki qiziqyapman.
— Qiziqmaganing ma’qul.
— Nima uchun? Axir men nimaning evaziga jonlarini xatarga qo‘yganlarini bilishim kerak-ku?
— Jonlarini mol-dunyo uchun tikkanlar, nimasiga tushunmaysan?
— Tushunmayman, Maqsud aka, tushunmayman. Xo‘p hovlisida favvora bordir, hojatxonasining devorlariga chexlarning gulli, yaltiroq kafellari yopishtirilgandir, shipiga kiyikning rasmi chizilgandir. Shumi? Jon shuning evaziga tikilgan bo‘lsa, arzon ketmaydimi? Axir favvorasiz ham, kafelsiz ham, kiyikning rasmisiz ham yashasa bo‘ladi-ku? Odamlar bularsiz ham yashab yurishibdi-ku?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:42:47
— Yashayapti. Qizig‘i shuki, bular ham bir paytlar dabdabasiz yashashgan.
— Men ham shuni o‘yladim. Men ba’zan hamma narsadan bezib ketaman. Dadamning yonlarida ketmon chopib yurganimni qo‘msayman. Hozir borib  ketmonni qo‘llaridan olsam, kechagidan yomon yashamayman.
— Sening yaxshi hunaring bor ekan. Men bechora nima qilay, birdan-bir hunarim — jinoyatchini quvib yurish.
    Zohid Solievning gaplarida istehzo ohangini sezib, keraksiz hissiyotga berilganini fahmladi-da, kulib qo‘ydi.
— Siz nima bo‘lsangiz, men ham shu. Hozir birov menga ketmonni ishonib bermas, deyman. Siz menga bir masalani yechishda ko‘maklashing: «Suvilon» aniq maqsad bilan kirgan edi, men uni boshqa yo‘lga burib yubordim shekilli.
— Qani, o‘sha aniq maqsadini ayt-chi?
— Tushunmadingizmi? Ishni yopishim zarurligini shipshitib qo‘ymoqchi  bo‘ldi.
— Sen qanday xulosaga kelding?
— Ishni-ku, yopmayman, ammo yo‘nalishni o‘zgartiraman. Qotilni emas, Jamshid Sunnatullaevni qidiraman.
— Sabab?
— Sabab — Sunnatullaev tirik.
— Buni ular bilishadimi?
— Bilishmasa ishni yopishga urinishmas edi.
— Xo‘sh, qidirding, topding ham deylik?
— Kalavaning bir uchi o‘sha yigitning qo‘liga bog‘langan.
— Birinchi qotillik-chi?
— Birinchisi ham.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:43:33
Soliev qat’iy tarzda aytilgan bu fikrni eshitib, stol ustini  nog‘ora qilib chertib, o‘yga toldi.
— Chigal, nihoyatda chigal ish, — dedi og‘ir tin olib.
— Ikkinchi savol xuddi shundan kelib chiqadi. Nima uchun bu chigal ish  aynan menga, tajribasiz bir tergovchiga topshirildi. Axir bunaqa ishlar tajribali odamga, yoki prokuror yordamchisining o‘ziga topshirilar edi-ku? Bu g‘o‘r bola chigal ishni yechishga erinib, qo‘l siltab qo‘ya qolar, deyishdimi? «Suvilon» bu ishni yopganimdan keyin ko‘tarilishim mumkinligini shunchaki pisanda qilmagandir?
— To‘g‘ri anglabsan. Bu yog‘ini endi o‘zing o‘ylab ko‘raver. Senga bir yangilik bor, kecha zargarlik do‘koni o‘marilgan, shu ishni menga berishdi. Hamdam esa Farg‘onada...
— Shunga hayronman, Farg‘onadagi ishlar bilan markazdan kelganlar shug‘ullanayatuvdi shekilli?
— Sen hayron bo‘lma, o‘yla. Mendan ko‘ngling to‘q bo‘lsin, yolg‘iz qoldirmayman. Petrashvilini so‘roq qildingmi?
— Ha. Ammo yangi gap chiqmadi.
— Undan chiqmaydi ham. Yangisini senga men aytaman. — Soliev shunday deb, portfelini ochib, muqovalangan bir dasta qog‘ozni oldi-da, Zohidga uzatdi. — Tanishib chiq, Petrashvilining ishi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:45:42
— Bunisi qiziq bo‘ldi, — dedi Zohid, peshonasini silab. — Shunaqa makkorlik bilan ishlagan odam nima uchun bu shilta ishga ilashib qoldi?
— Bular me’yorni bilishadi. Petrashvilining uslubi eskirdi. Endi u  arzon-garov qo‘g‘irchoqqa aylangan, qadri ketgan. Petrashviliga qandaydir va’da berishgandir. Bir narsaga zoriqmasa, bunaqa ishni zimmasiga olmas edi. Uni boshqa qamoqxonaga ko‘chirishga harakat qilish kerak.
— Nima uchun?
— Nima uchun? — Soliev bosh chayqadi. — Sezmadingmi? Petrashvili ham, sherigi ham yo nashavand, yo giyohvand. Bu qamoqxonada ularning odami bordir. Yetkazib berayotgandir. Yetkazuvchi zanjirini uzish kerak. Ana shunda ular xumordan tutaydi. Boshini devorga uradi. Bir chekim nasha  uchun otasini ham sotadi. Hozircha «men o‘ldirmaganman, men yoqmaganman», deb turibdimi, xumordan qiynalganda birinchi aytadigani «men o‘ldirganman» deydi. Qotillikni bo‘yniga oladi. Sen ularga ishonganday bo‘lasanu boshqa tomondan bosasan. Sen shu kunlar ichi boshliq bilan yakkama-yakka gaplashishga urinib ko‘r. Eshitishimcha, yangi rahbar uni suhbatga chaqirgan. Qattiq talab qo‘ygan. Hozir uchrashishning ayni payti. Faqat bu idorangdagilarga bildirma. Ungacha turmada kapitan Musaev degan yigitga uchrash. Ko‘rsang, xuddi chumak arining o‘zi. Agar u yerda yuzta  halol odam bo‘lsa, yuzning biri, bittagina bo‘lsa, shuning o‘zi. Unga tayinlasang, kavkazliklaringga ko‘z-quloq bo‘lib turadi.
Zohidga bu fikr ma’qul tuyuldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:47:31
3

    Chuvrindi uyga hazin bir ahvolda qaytayotgan edi. Bugun unga onasining xastalanib qolganini ma’lum qildilar. U «yana o‘sha eski darddir» deb o‘ylab, borishga shoshilmadi. Mo‘ljaldagi ishlarni baja-rib bo‘lib, borib qarasaki, ahvol u o‘ylagandan yomonroq. Onasi ayvonda shiftga tikilib, bemajol yotibdi.
— Kayfi yo‘qmi? — deb so‘radi Chuvrindi peshvoz chiqqan uy bekasiga.
— Yo‘q, kechadan beri so‘ramaydi ham.
— Dispanserdan nima uchun olib keldingiz? — deb so‘radi Chuvrindi uy bekasidan.
— Xabar olgani borgan edim. Do‘xtirlar olib ketganingiz ma’qul deyishdi... — uy bekasi shunday deb labini tishladi. U asosiy gapni ayta olmadi.
    Chuvrindi shu paytgacha onasiga salom bermagan edi. Ajabki, o‘zi istamagan holda, past ovozda bo‘lsa ham salom berdi. Onasi uning ovozini eshitib, shiftdan ko‘zini olib, u tomon qaradi. Lablari titradi. Bir  ozdan so‘ng yonog‘iga bir tomchi yosh dumaladi. Bu ayolni tanimagan odam uni hali oltmishga kirmaganiga zinhor ishonmas, kamida sakson yil umr ko‘rgan kampir, deb baho berar edi.
    Uy bekasi asosiy gapni aytolmagan bo‘lsa ham, Chuvrindi uning  nima demoqchi ekanini anglagan edi. Hozir onasiga qarab «Nahotki?» degan fikr yuragiga bir lahzalik yengil titroq berib o‘tdi. Ona deyishga ham arzimaydigan bu shilta xotin o‘lsa bir tukim ham  qilt etmasa kerak, deb o‘ylardi. Hozirgi ahvoliga o‘zi ham ajablandi.  «Achinayapmanmi? Nega? Bu dunyoda bor bo‘ldi nimayu yo‘q bo‘ldi nima? O‘ziga yarashasini  oldi. Itday xor bo‘ldi. Endi xorliklardan qutuladi. U-ku xorlikdan qutuladi. Men-chi? Isnoddan qachon qutulaman?»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:49:15
    Chuvrindi onasiga qarab shularni o‘ylardi. Shu o‘ylari bilan yuragida g‘imirlayotgan achinish hissini bo‘g‘moqchi bo‘lardi.
Onasi esa... unga qaraganicha unsiz yig‘lardi.
Nima uchun yig‘layotganini o‘zi ham bilmasdi.
Bu dunyodan qanday armon bilan o‘tayotganini idrok qila olmasdi...
O‘g‘liga bir nima degisi kelardi, ammo tili gapga aylanmas edi...
Nima desin? «Bolam» desinmi? Haqqi bormi shunday deyishga. Tuqqanidan beri biror marta «bolam» deb suymagan, endi o‘lari oldida  shunday deyishga til ham bo‘ysunmaydi. Yuragida «Bolajonim!» degan faryod uyg‘onadi, ammo qotib qolgan til, bu faryodni egasiga yetkazib bera olmaydi. Yurakning tarjimoni bo‘lmish til ojiz...
«Rozi bo‘lgin», desinmi? Qaysi qilgan yaxshiligi uchun rozilik tilaydi?
«Roziman» desinmi? O‘g‘li zormi ekan uning rizoligiga?
    Bu ayolning hozirgi ahvolini bilgan odam umr bo‘yi Yaratganga munojot etib, «Yo Rabbim, meni bu bandang holiga sola ko‘rma» deb  zorlanib o‘tardi.
    Chuvrindining onasi «bolam» deya olmayotganidan, rozi-rizolik tilay olmayotganidan o‘kinmas edi. Chunki bunday tushunchalar uni allaqachonlar tark etib ketgandi. To‘mtoqlashgan aqli ja’miki nurli tuyg‘ularni bo‘g‘ib o‘ldirib bo‘lgan edi. U yana bir necha soatlik yoki bir necha  kunlik umri qolganini bilmas edi. O‘lim to‘shagida azob chekib yotardi, deyish nojoizdir, chunki u aroq topolmagan kezlari bundan battar azobga duch kelardi...
    Hozir yig‘lagisi keldi. Unsizgina yig‘ladi. Avvallari kulgisi kelardi, kulardi, maishat qilgisi kelardi, qilardi. Ana endi yig‘lagisi keldi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:49:58
    Ajab  manzara: ona va o‘g‘il... Hech qachon birga bo‘lmagan, hech qachon bir-biriga mehr ko‘rsatmagan ikki tirik jon. Bu dunyoda nima uchun yashamoq lozimligini anglamagan ikki banda. Bir-birlariga  aytmoqqa so‘zlari yo‘q...
    Mudhish manzara: hademay jon berishi mumkin bo‘lgan onasiga aytmoqqa o‘g‘ilda so‘z bo‘lmasa?!
    Onaning aytadigan gapi bor. Uzoq yillar asragan gapini aytishi kerak. Bu haqiqatni go‘riga ortmoqlab keta olmaydi.
— Kelib tur, aytadigan gapim bor, — dedi ona xasta ovozda.
— Gapingiz bo‘lsa... ayting, — dedi o‘g‘il.
— Hozir  aytmayman... Jonim uzilishidan oldin aytaman.
— Nega?
— Qo‘rqaman.
— Kimdan?
— ...
    Bilmaydi... Chindan ham shunday. Erining o‘limidan beri qo‘rquvda yashadi, ammo kimdan qo‘rqqanini o‘zi ham aniq bilmadi. Bu qo‘rquv o‘sha mash’um  voqeadan so‘ng uyg‘ongan. O‘shandan beri bu qo‘rquv xoja, u esa cho‘ri. Shu qo‘rquv bolasini tashlashga majbur qildi. Shu qo‘rquv uni shaharga haydab keldi. Aroq ichib, kayf qilgandagina qo‘rquv uni xoli qo‘yardi.
— Kelib tur, — u shunday deb boshini burib, nigohini yana shiftga qadadi.
— Ertalab kelaman, — Chuvrindi shunday deb darvoza tomon yurdi.
— Omonat gaplari borga o‘xshaydi, — dedi uy bekasi. — Kelib turing. Aytmasalar jon berishlari qiyin bo‘ladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:55:19
— Nega? — Chuvrindi to‘xtab, unga qaradi.
— Odamlar shunaqa deyishadi. Keyin... harna bo‘lsa ham sizni tuqqanlar, «roziman», deb qo‘ying. O‘zingiz ham roziliklarini oling.
— Hozirmi?
— Yo‘q. Hozir orqaga qaytmang, ertaga kelaman, deyapsiz-ku?
    Chuvrindi uyga kelgach, mashinasini odaticha ko‘chada qoldirdi. O‘rtancha o‘g‘li mashinani tozalab, ichkariga haydab kirishga ishqiboz.
    Shom qorong‘usi tusha boshlagani uchun o‘ng tomondagi daraxtga suyanib turgan odamga e’tibor bermagan edi. Darvoza tomon uch-to‘rt qadam tashlagach, tanish ovoz eshitildi:
— Ehsonov!
Uni hech kim bunaqa deb yo‘qlamasdi, shu sababli ajablanib, taqqa to‘xtadi. Daraxtga suyanib turgan odam unga yaqinlashdi. Chuvrindi uni tanib, hayronligi oshdi:
— Ie, prokuror, sizmisiz?
— Menman. Sizni kutib turuvdim.
— Tinchlikmi?
— Eksgumatsiyaga chaqirgan edim, daragingiz bo‘lmadi. Ish ko‘pmi?
— Ish-ku... ko‘pmas... Lekin ochig‘ini aytsam... O‘likdan qo‘rqaman. Gapim kulgilimi?
— Men uchun kulgili emas. Chunki ko‘pchilik murdadan qo‘rqadi. Tirikdan qo‘rqishmaydi, shunisi menga qiziq tuyuladi.
— Qiziqmi? — Chuvrindi Zohidga sinovchan nazar tashladi. — Tirikdan qochib yo berkinib qutulish mumkin. O‘likning arvohidan qayoqqa qochadi odam?
— Siz haqsiz. Ruh bir yopishsa qutulib bo‘lmasa kerak.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:56:38
    Zohid shu gapni aytgach, «uyiga taklif qilarmikin yo yo‘qmi?» deb o‘ylandi. Chuvrindi esa uning bemalol turib olib gapni cho‘zayotganidan maqsadini fahmladi: «Uyga kirmoqchi shekilli?»
— Ovora bo‘lib kelibsiz, xizmatingizda bo‘laylik, — dedi ozgina kinoya bilan. — Tintuv qilgani kelmagandirsiz, a?
— Tintuvga kelganimda sizni kutib turmasdim. Agar sizga m a l o l  kelmasa, shu yerda  turib gaplashaveramiz.
    Zohidning keyingi so‘zlari Chuvrindining kinoyasiga hamohang tushdi. Chuvrindi buni sezib, kulimsiradi.
— Mening uyimga kelganlar ostonadan noumid qaytishmagan. Shu uy qurilganidan beri darvoza qulf nimaligini bilmaydi. Ishonmasangiz ana, qarang. — U shunday deb uy tomon yo‘l boshladi. Zohid darvozaga ko‘z tashladi: chindan ham tutqich boru qulf yo‘q.
— Men qishloqda tug‘ilib o‘sganman. Qishlog‘imizda qulflanadigan bironta ham eshik yo‘q edi. Shaharda ham shunday qilsa bo‘larmikin, devdim.
— Bo‘lyaptimi? — dedi Zohid ostona hatlab.
— Bo‘lyapti shekilli?
    «Bo‘lmay-chi — deb o‘yladi Zohid. — Bu uyga qaysi botir o‘g‘ri, kimning yuragi bilan yaqinlashar ekan? Qulf nima ekan, aslida bu xonadonga darvoza ham shart emas...»
    Chuvrindi uni kichik mehmonxonaga boshladi. Bu xonadonda uchta mehmonxona bo‘lib, biri katta, ikkinchisi o‘rta, uchinchisi kichik hisoblanardi. Uchchovida ham dasturxon hamisha tuzog‘liq turar, odamlar soniga, hamda darajasiga qarab u yoki bu mehmonxonaga taklif qilinardi. Chuvrindi avvaliga Zohidni katta mehmonxonaga boshlab qoyil qoldirmoqchi edi. Keyin «bularning zoti qitmir bo‘ladi, bir baloni boshlamasin», deb «kamtarona» hisoblangan xonaga taklif etdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:57:24
    Ostona hatlab hovliga kirgan odam bir qarashdayoq xonadonning sarishta ekanini ko‘radi. Mo‘’jaz favvora, shiypon, uylarning joylanishi — hammasi risoladagiday. Agar hovliga tovus bilan kiyik qo‘yib yuborilsami, ertaklardagi xon saroyining o‘zi bo‘lishi mumkin.
    Chuvrindi bir necha daqiqa Zohidni mehmonxonada yolg‘iz qoldirdi. Bu muddatda Zohid uy ichini ko‘zdan kechirishga ulgurdi. Hovlida yurishi kerak bo‘lgan tovus mehmonxona devoriga muhrlanibdi. Rassom rang tanlashga usta ekanu ammo me’yorni bilmabdi. Devorlaru shift tabiat va jonivorlar tasviri bilan to‘lgan, tasvirda faqat eshagu it bo‘lmasa kerak. Bu rassomning kaltabinligimi yo xo‘jayin istagimi — Zohidga qorong‘u.
Chuvrindi kirib:
— Suratlar yoqdimi? — deb kulimsiradi.
— Rassom yaxshi ekanu...
— Hayvonot bog‘i qilib tashlabdimi?
— Ha.
— Men safarda edim. Kichkinam kirib «uni chizing» desa ham chizibdi, «buni chizing» desa ham chizaveribdi. Men o‘zim bunaqangi bachkanalikni yoqtirmayman.
— Me’morchilikdan xabaringiz bormi, deyman?
— Nega so‘rayapsiz?
— Uy tartib bilan, yaxshi qurilibdi. Me’morning qo‘li sezilib turibdi.
— Buni to‘g‘ri topdingiz. Bir me’mor oshnam ishboshi bo‘lib qurgan bu uylarni. O‘zimda savod yo‘q. Maktabda ham chala-chulpa o‘qiganman. O‘qishga havas zo‘r edi-ku, sharoit to‘g‘ri kelmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:58:34
— Nima sababdan?
— Buning tarixini aytsam, ming bir kecha bo‘ladi. — Chuvrindi shunday deb tuzog‘liq dasturxon ustiga yoyilgan dokani yig‘ishtirib oldi.
— Qani, marhamat qiling.
— Mehmon kutyatuvdingizmi? — deb so‘radi Zohid. — Bemavrid kelibman, shekilli?
— Kutayotgan mehmonim — siz, desam ishonasizmi?
— Yo‘q, ishonmayman, — dedi Zohid kulimsirab.
— To‘g‘ri, ishonmaysiz. Hamma gapga ishonaversangiz prokuror bo‘la olmas edingiz, — dedi Chuvrindi ham jilmayib.
— Eksgumatsiya xulosalari...
Zohid shunday deb gap boshlagan edi, Chuvrindi shart kesdi:
— Bu gapni qo‘ya turing. Avval taom, ba’daz kalom, deyishganmi?
Zohid «ma’qul», deganday qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
    Yaxshi hamki Chuvrindi so‘zini bo‘ldi. Dam o‘tmay taom kiritilib, sho‘rvani ichayotgan paytda Zohid mayor Solievning «Jamshid tirik ekaniga ishonishimizni istashyapti», degan gapini esladi. Ajab holat: avvaliga kuydirilgan murda — Jamshid, deyishdi. Endi o‘zlari «yo‘q, u Jamshid emas edi», deyishmoqchimi? Zohid sho‘rvani icha turib Chuvrindiga bir-ikki o‘g‘rincha qaradi. Chuvrindi xotirjam ovqatlanar, yuzidan, ko‘z qarashidan biror ma’no uqish qiyin edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 13:59:25
    «Bularda bir sir bor, — deb o‘yladi Zohid. — O‘zlariga yoqmagan odamni o‘ldirib, ko‘mib tashlashsa ham bo‘lardi. Namoyishkorona osishlari nimani anglatadi? Maqsud aka bir narsada yanglishadilar. Ularning maqsadlari faqatgina bizni laqillatish emas. Sunnatullaev — Asadbekning odami. Agar uni Asadbek o‘ldirtirsa, bunday osib qo‘ymas edi. Izsiz yo‘qolgan odamlar ro‘yxatiga kirardi. Boshqa to‘da o‘ldirgan bo‘lsa, bular nega jim? Nima uchun xotirjam? Payt poylashyaptimi? Ular kutgan fursat qachon keladi? So‘ng qanday balolarni boshlashadi? Biz odatdagiday g‘aflatda qolmaymizmi? Nahot bularning payini qirqa olmasak?»
    Zohidning qorni och edi, sho‘rvani ham ichdi, keyin qo‘yilgan xasipni ham yedi, noz qilib o‘tirmadi. Tashqaridan qaragan kishi bularni ikki qarama-qarshi qutb odamlari emas, jonajon ikki do‘st shirin suhbat qilib, ovqatlanyapti, deb o‘ylashi mumkin edi.
    Chuvrindi «Ehsonov!» deb chaqirilib, to‘xtatilganida g‘ashlangan edi. Hozir Zohidning aynan shu kech kelganidan o‘zicha rozi bo‘ldi. Zohid kelmaganida yolg‘iz o‘tirib, onasining tashvishi bilan band bo‘lardi. Zohid tashrifi bilan undagi anduhni bir oz bo‘lsa-da, chekintirdi. Ayniqsa gaplarida rasmiyatchilik ohangi yo‘qligi Chuvrindiga ma’qul keldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:00:33
    «Ovqat yeyayotganda tuppa-tuzuk odamga o‘xsharkan, a? — deb o‘yladi Chuvrindi. — Lekin mendan nima istaydi bu? Nahot meni hammasini aytib beradigan go‘l deb o‘ylasa? Xo‘p, hozir hammasini to‘ppa-to‘g‘ri aytib berayinmi? Shunda ishonib, indamay ketadimi? Ishonib bo‘pti. Yana lanjlik qiladi, yana befarosat o‘rdakka o‘xshab tumshug‘i bilan balchiq titaveradi. Bo‘ladigan gap shu — balchig‘ini titib kunini ko‘raversin. Balchiqdagi bularga yem  bo‘luvchi chuvalchang qayda-yu, osmondagi burgut qayda?!»
Ovqatdan so‘ng Zohid ikki piyola choy ichgach, labini sochiqqa artdi.
— Choydan quyaymi? — deb so‘radi Chuvrindi, iltifot bilan. Bu iltifot pardasi ortida «qani endi gapingizni aytavering», degan ma’no yotgan edi.
Ovqatlana turib bir qarorga kelgan Zohid Chuvrindi uchun kutilmaganda qisqa gapirdi:
— Eksgumatsiya xulosasida aytarli yangilik yo‘q. Murda Sunnatullaevniki, degan taxminda turibmiz.
— Taxminda, deganingiz nimasi?
— Aniq xulosaga kelish uchun qo‘shimcha dalillar kerak.
— Qanaqa dalil?
— Bunisi endi tergov jarayonida ma’lum bo‘ladi. Sizdan bir iltimosim bor: biror masalada bezovta qilsam, achchiqlanmang. Sizdan gumonsirayotganimiz yo‘q, faqat marhumni yaqindan bilganingiz uchun u-buni so‘rab turamiz.
— Hayriyat-e, — dedi Chuvrindi kinoyali jilmayib. — Meni gunohkor qilib qo‘yasizmi, deb jonim halakda edi. Endi eksgumatsiya xulosasiga kelsak, u meni mutlaqo qiziqtirmaydi. Biz uni Jamshid deb o‘ylab, izzati bilan joyiga qo‘ydik. Boshqa jihatlari bilan shaxsan mening ishim yo‘q. Murda boshqa bo‘lsa, Jamshid tirik bo‘lsa, marhamat, topib bering. Topsangiz, suyunchisi bizdan. Men sizning iltimosingizni qabul qilay. Siz ham mening nasihatimni qulog‘ingizga oling: balig‘i yo‘q hovuzga qarmoq tashlab ovora bo‘lmang.
— Qani, bir urinib ko‘raylik-chi, balki suyunchi yoningizga qolar. Balki qarmoqqa baliq ham ilinib qolar? — Zohid shunday deb fotiha qilgan bo‘ldi-da, o‘rnidan turdi.
«Agar niyatlari bizni laqillatish bo‘lsa, men ularni chalg‘itdim», deb o‘yladi Zohid.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:03:32
XIV  b o b

1

— Ko‘rinishingdan chechenga o‘xshaysanu ona tilingda gapirmaganingga hayronman, — dedi mashina haydovchisi.
Zelixon unga darrov javob bera olmadi. Ozgina sukut saqlagach, bir xo‘rsinib dedi:
— Men chechenman. Ota yurtimda tug‘ildimu boshqa yurtda ulg‘aydim. Ona tilimni bilaman. Gapirsangiz yaxshi tushunamanu o‘zim silliq gapira olmayman. Til qotib qolgan.
— Tilim qotdi, deysanmi? Unda sen ado bo‘lgan odam ekansan, og‘ayni, — dedi haydovchi, orqa o‘rindiqda o‘tirgan Zelixonga ko‘zgu orqali qarab.
— Gapingga tushunmadim? — dedi Zelixon.
— Ona tilini bilmagan inson o‘zini odam sanamasa ham bo‘ladi.
— Tiling juda uzun ekan, — dedi Zelixon achchiqlanib, — ammo aqling kaltaga o‘xshaydi. Urush davrida chechenlar boshiga tushgan kulfatni eshitmaganmisan?
Zelixonning aql xususidagi gapi haydovchiga malol keldi, qoni bir qaynadi-yu, ammo «harholda bu o‘z qondoshim», deb darrov o‘zini bosdi. Zelixonning gapiga xotirjam javob berdi:
— Eshitganman, lekin odamning o‘zini o‘zi unutishi uchun bu hech qanday imtiyoz bermaydi. Inson o‘z ona tilini o‘lgunicha unutmasligi kerak, — haydovchi shunday deb bir oz sukut qildi-da, so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Balki o‘lgandan keyin ham unutmasligi kerakdir. U dunyoda qaysi tilda hisob beradi? Senga o‘xshab ruschadamas deyman, a?
Zelixon uning bir aytgan fikridan qaytmasligini bilib, kulimsiradi:
— O‘jarligingdan chechenga o‘xshaysan.
Bu gap haydovchiga ma’qul kelib, xaxolab kuldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:04:44
— Nima desang, de: men chechenman! Ha, meni qiymalab tashlasang ham har bir bo‘lak go‘shtim «men chechenman!» deb hayqirib turadi. Ana, tog‘larni ko‘ryapsanmi? Mening bobolarimning bobolari, ularning-da bobolari ana shu tog‘lar kabi mag‘rur bo‘lishgan. Otam ham mag‘rur edi, men ham mag‘rurman. Chechen bo‘lganim uchun mag‘rurman. Mening bolalarim ham mag‘rur. Ularning bolalari ham mag‘rur bo‘ladi. Tog‘ni shamol yoki yomg‘ir yemirib tamom qilganda bizning g‘ururimiz ham yemiriladi, uqdingmi, dono odam?
    Haydovchi shunday deb qo‘shiq ayta boshladi. Zelixon bu qo‘shiqni avval eshitmagan edi. Ayrim tanish so‘zlardan, qo‘shiqning avjidan vatan haqida ekanini angladi.
    «Baxtli odam ekan, bu o‘jar, — deb o‘yladi Zelixon. — Vatani bor, g‘ururi bor. Bolalari ham bor. Ular ham mag‘rur. Xuddi tog‘ cho‘qqilariday mag‘rur... Menda nima bor?»
    Shu gaplarni xayolidan o‘tkaza turib Ismoilbeyning g‘amgin chehrasi ko‘z oldiga kelib, qulog‘i ostida uning ovozi jarangladi: «Vatani yo‘qning iymoni yo‘qtur...»
    Zelixon xayolga berilib, qo‘shiq tugaganini sezmay qoldi. Haydovchi unga avval ko‘zgu orqali qaradi, so‘ng bir o‘girilib oldi:
— Nimalarni o‘ylayapsan? Qo‘shiqqa tushundingmi?
— Tushundim. Vatan haqida kuylading.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:06:42
— Hech baloga tushunmabsan. Men dedimki, agar Vatan meni suymasa men uni suyarman. Agar meni nimtalasalar-da bir bo‘lagimni Qora dengizga, birini Oq dengizga, birini Hazorga tashlasalar mayli, roziman, faqat bir o‘tinchim bor: yuragimni Vatanda qoldirsinlar. Ana shunda mening nimtalarim yuragimga talpinarlar, kelarlar va birlasharlar! Yurak — Vatandir, Vatan — yurakdir! Kim o‘z yuragidan voz kechadi? Hech kim! Ey Rabbim, o‘zga yurtda jonimni olib, jannatdan joy berganingdan ko‘ra, jonimni o‘z Vatanimda olu shuning evaziga joyni do‘zaxingdan beraver! Endi qo‘shiqning mazmunini angladingmi, birodar?
— Angladim, — dedi Zelixon. Keyin bir tin oldi-da, Ismoilbey so‘zlarini takrorladi: — Vatani yo‘qning iymoni yo‘qtur...
— Yaxshi aytding. Ona tilingni bilmasang ham, kallang joyida ekan.
— Buni men aytmadim. Bir turk oqsoqoli aytgan edi. Urush davrida ularni ham Vatandan haydaganlar. Musofirlikda o‘ldi, Vataniga qarab turib, joni uzildi.
— Qarab turib, dedingmi? Tushunmadim?
Zelixon Ismoilbeyning so‘nggi daqiqalarini aytib berdi. Haydovchi gardanini silab qo‘yib:
— Ha-a... — dedi. — O‘zbeklar yomon qilishdi. Ulardan buni kutmagan edim. O‘zbek yigitlar bilan birga xizmat qilganman. Mo‘min bolalar edi, hayronman...
— Nega hayron bo‘lasan? Ularni bila turib shu ig‘vo gaplarga ishondingmi?
— Ishonmay bo‘ladimi? Televizorda ko‘rsatib turibdi. Gapirib turibdi. Kattasi ham aytdi, qulupnay talashishibdimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:07:22
— Xafa bo‘lmaginu, ammo ahmoq ekansan. Oldingi gaplaringni eshitib senga ixlosim oshayotuvdi. Bu gaplaring ko‘nglimni aynitdi.
— Xo‘p, men ahmoqman. Televizor yolg‘onni aytayotgan ekan, o‘zbeklaring nimaga jim turishibdi? G‘ururi bormi o‘zi ularning? Bizga tuhmat qilyapti, deb dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishmaydimi!
— Aytishga oson. Hozir men cho‘ntagimdan ingichka sim arqon olib bo‘yningga tashlab siqay, sen esa dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilib ber menga.
Haydovchi indamadi. Yo‘l ikkiga ayrilgan joyga yaqinlashgach, mashinani sekinlatdi.
— Menga qara, birodar, ovulingga bugun borishing shartmi?
— Nima edi?
— Shu yerdan o‘ttiz chaqirim yursak, mening ovulimga yetamiz. Sen chechen bo‘lsang ham hozir qo‘noqsan. Qo‘noqni ovulimdan chetlab olib ketsam, menga la’nat yog‘iladi.
— Shoshilayotganim yo‘q... Meni birov kutayotgani ham yo‘q.
— Shoshilmaganing yaxshi, ammo birov kutmagani yomon. Chechenni birov kutmasa yomon, juda yomon.
    Kichikroq bir dovonni oshib o‘tishgach, pastda bir qishloq ko‘rindi. Aslida ularni bu yerda hech kim kutmayotgan edi. Haydovchi daryo yonidagi bir uy oldida mashinani to‘xtatdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:09:19
— Bu uy opamniki, — deb ichkari kirdi. Bir ozdan so‘ng qaytib chiqib, Zelixonni ichkari taklif qildi. Xonadonda erkaklar ko‘rinmadi. Ayollar tezlik bilan joy hozirlashdi. Choy qaynaguncha erkaklar ham kelishdi. Dam o‘tmay hovli odamga to‘ldi. Birov Zelixonga sen kimsan, qaerdan kelding, boshingda qanday tashvishlar bilan yuribsan, demadi.
    Bu xonadonda bir soatcha o‘tirishgach, boshqa xonadonga taklif etildilar. Shu zaylda yarim tunga qadar mehmondorchilik bo‘ldi. «Hammani ham shunday kutishadimi yo mengagina iltifot ko‘rsatishyaptimi?» deb o‘yladi Zelixon.
    Tunda daryo bo‘yidagi sayhonlikda gulxan yoqildi. Zelixonni boshlab kelgan taksi haydovchisi yurakni larzaga soladigan hazin qo‘shiq  boshladi. Bir nafasdan so‘ng uch-to‘rt erkak unga jo‘r bo‘ldi. Sayhonlikka odam to‘plana boshladi. Qishloqdagilar uxlayapti, deb o‘ylagan Zelixon ajablandi. Hazin qo‘shiq oxirlagach, kuy yangradi. Dilni yayratdi. Yoshlar o‘yin-kulgi boshladilar...
Tongga yaqin haydovchi bir ozgina mizg‘ib olgach, yo‘lga tushdilar. Zelixon undan «qalay, ovulim yoqdimi?» degan savol kutdi. Undan hadeganda sado chiqavermagach:
— Ovuling menga yoqdi, — dedi.
— Hayron bo‘lma, sening ovuling ham xuddi shunday, — dedi haydovchi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:12:09
2

    Uch-to‘rt odam qulochi arang yetadigan yo‘g‘on chinor qishloq guzari hisoblanardi. Chinor soyasida gurunglashib o‘tirgan qariyalar to‘xtagan mashinaga, undan tushgan yo‘lovchiga jiddiy e’tibor qaratmadilar. Haydovchi ularga yaqinlashib, salom bergach, maqsadini aytdi. Shundagina qariyalar mashinadan tushib, ochiq eshikka jag‘ini tirab turgan Zelixonga tikilib qarashdi.
Haydovchi iziga qaytdi-da, Zelixonga:
— Avval shularga salom ber. Bular ota-bobongni eslashdi, — dedi. Keyin joyiga o‘tira turib qo‘shib qo‘ydi: — Ovulimni ko‘rding. Boshingga ish tushib qolsa to‘g‘ri boraver. Kechagi gaplarimga xafa bo‘lma. Men to‘g‘ri gapni yaxshi ko‘raman.
Zelixon unga rahmat aytib, kelishilgan kira haqini uzatdi. Haydovchi bir pulga, bir Zelixonga o‘qrayib qaradi-da:
— Sening chechenligingga ishonmay qoldim! — deb eshikni jahl bilan yopdi.
Zelixon shitob bilan qo‘zg‘olgan mashina ortidan bir oz qarab turdi-da, pulni cho‘ntagiga qayta solib, og‘ir qadamlar bilan qariyalar tomon yurdi.
    Nazarida bobosi olamdan o‘tgach, bu yerga kelib qolganday, shu qariyalar davrasiga qo‘shilganday, hozir esa davradan ajralib chiqib quchoq ochib kutib oladiganday edi. Shu fikrda davraga yaqinlashgach, bobosiga o‘xshagan bir qariyani ko‘rdi-yu, yuragi shig‘ etib ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:12:59
    Oqsoqollar salomiga alik olishib u bilan qadrdonlarday quchoqlashib ko‘rishishdi. So‘ng davra o‘rtasidan joy berishdi. Zelixon bulardan ham «tilingni bilmaysanmi» degan ta’nani eshitmayin, deb xijolat bo‘lib turgan edi, bobosiga o‘xshatgan qariya ruschalab gap boshladi:
— Bobongni tanirdim. U tengsiz polvon edi. Chechen ovullar nima ekan, u yoqda ingush ovullar, u yoqda avarlar, qo‘miqlar... Eh-he, kurash bor joyda polvonlar undan zirillab turishardi. Uning kuragi bir marta yerga tekkan. Uni o‘ttiz oltinchi yilda men yengganman. Xuddi shu yerda. — Qariya shunday deb mo‘ylovini burab qo‘ydi. — Men yosh edim, u esa keksaya boshlagan edi. Yiqitishga yiqitib qo‘yib, «ustoz, kechiring» debman. U o‘rnidan turib, meni quchoqlab, peshonamdan o‘pdi. Keyin bir tarsaki tushirdi. Odamlar hayron bo‘lib so‘rashdi: «Quchoqlab o‘pganing nimayu urganing nima?» U aytdi: «Meni yenggani uchun quchoqlab o‘pdim. Kechirim so‘ragani uchun tarsaki tushirdim» Ha... shunaqa odam edi... Ammo otangdan polvon chiqmadi. U urushga mendan oldinroq ketgan edi. Men qaytdim, undan darak bo‘lmadi...
    Qariyalar shoshilmasdan, birining gapiga ikkinchisi aralashmasdan qiziqqan savollarini so‘ray boshladilar. «Shu paytgacha nima uchun kelmading?» degan savolga Zelixon «Uy-joy, bola chaqa bilan o‘ralashdim», deb bahona qildi. Bu gapni eshitib oqsoqollar jim bo‘lishdi. Ayrimlari «attang» deganday boshla-rini sarak-sarak qilib qo‘yishdi. Bobosiga o‘xshagan qariya esa burgutniki kabi o‘tkir nigohini unga qadadi-da:
— Bobong tirik bo‘lganida shu gaping uchun bir tarsaki tushirardi, — dedi.
Zelixon «nima uchun?» deb so‘ramadi. Yolg‘oni fosh bo‘lganini sezdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:13:50
— Boshqa sabablar ham bor, — dedi boshini egib.
— O‘sha boshqa sabablarni gapirishing joiz edi. Bizni bu avloqda po‘panak bosib yotgan chollar, deb o‘yladingmi? Qamoqdan qachon chiqding?
— Bir yil bo‘lib qoldi.
— Nima qilmoqchisan?
— Ovulga sig‘sam, shu yerda qolaman.
— Ovulga sendaylardan millioni bo‘lsa, millioni sig‘adi. Qani, tur o‘rningdan, orqamdan yur.
Ular bir yuk mashinasi sig‘adigan tuproq yo‘ldan yuqoriga qarab yurishdi. Qariya Zelixondan chaqqonroq edi. Uch-to‘rt qadamdayoq ilgarilab ketdi. Aylanma yo‘llardan bir oz yurishgach, pastqamroq bir uy qarshisida to‘xtashdi.
Hovlida jo‘xori chopiq qilayotgan odam ularni ko‘rib, ishini to‘xtatdi-da, peshvoz chiqdi:
— Keling, Alibek og‘a, — dedi u qariyaga, so‘ng Zelixonga sinovchan tikildi: — Zelixonmisan?
— Ha, Zelixon, yanglishmading. Men senga aytardim-a, bir kunmas-bir kun keladi, deb... — Qariya Zelixonga qaradi. — Mana shu sening uying. Arslon urushdan qaytganda uyi kuyib ketgan edi. Maslahatlashib, shu yerga ko‘chirdik. Sen xohlagan kuning uyni bo‘shatib beradi.
Arslon o‘z o‘g‘lini kutib olayotgan ota mehri bilan Zelixonni mahkam quchoqladi.
— Otang mening qadrdonim edi. Sen tug‘ilganda chunon yayraganmizki, sen so‘rama, men aytmayin.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:14:43
    Uy uch xonadan iborat, ikkitasini Arslon band qilgan, bittasiga uy egalaridan nimaki qolgan bo‘lsa, asrab qo‘yilgan edi. Egallangan ikki xona supurib-sidirilganda, bu xona ham albatta tozalanardi. Arslon Zelixonni shu uyga boshladi. Xona egasizga o‘xshamas, uy bekasi hozirgina yig‘ishtirganday sarishta edi.
— Bu xona ketganlaringdan beri seni kutyapti, — dedi Arslon. — Bobong bilan onangni Xudo rahmat qilsin, ularning qaytish qilganlaridan xabarimiz bor. Alibek og‘am to‘g‘ri aytdilar, seni kutdik. Xudoga shukr, kelding. Ota-onang, bobongning buyumlari shu yerda. Hatto... — Arslon kulimsiradi, — sening ishtonchalaring ham javonda turibdi...
U shunday deb Zelixonni yolg‘iz qoldirdi.
    Zelixon oyog‘idan mador ketayotganini his qilib, asta tiz cho‘kdi.
    Shu uyda kindik qoni to‘kilgan, shu uyda emaklab yurgan, shu uyda «ona» deb tili chiqqan. Bu uyda otasi, onasi, bobosining izlari bor. Bu devorlarga ularning ovozlari singib qolgan... Balki ruhlari ham shu uyda uni necha yillardan beri chirqirab kutayotgandir? Nega shu paytgacha kelmadi? Agar Ismoilbey o‘lmaganida, o‘lim oldidagi gaplarini aytmaganida umuman kelmasmidi bu yerlarga... Shu tomonlarga necha marotaba yo‘li tushdi. Bir yili «ovulimni borib ko‘ray», deb qasd ham qildi. Ammo yarim yo‘ldan qaytdi, oyog‘i tortmadi. Oyog‘i tortmaganining sababi bor — hali unda iymon ko‘z ochmagan edi. Ruhi jaholat botqog‘ida biqsib yotardi.
    U o‘rnidan turib javonga yaqinlashdi. Eshigiga yuzini qo‘yib turdi. Shu eshikni onasi necha marotabalab ochgan. Qo‘llari taftlari hanuz saqlanib qolgandir?..
    Oradan ko‘p o‘tmay hovlida jonlanish sezildi. Zelixon tanimagan ovuldoshlari uni ziyorat qilgani yig‘ila boshlagan edilar.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:15:53
    Uning hovlisi uch kechayu uch kunduz to‘yxonaga aylandi. Qo‘ylarni olib kelganlar kimlar, so‘yganlar kimlar, dasturxon tuzaganlar kimlar — bilmaydi. Uch kun davomida qishloqning erka farzandi sifatida izzatda bo‘ldi. Necha xonadonda mehmonda bo‘lganini sanayman, deb sanoqdan ham adashdi.
To‘rtinchi kuni Alibek oqsoqol kirdi.
— Endi nima qilmoqchisan, shu yerda qolasanmi? — deb so‘radi u dabdurustdan.
— Shunday niyatim bor, — deb javob berdi Zelixon.
— Arslon uyni bo‘shatsinmi?
— Men so‘qqabosh bo‘lsam, bitta xona ham yetadi. Ularga malolligim kelmasa bas.
— Qo‘lingda hunaring bormi?
Zelixon panjalariga qarab, kulimsiradi. Gulday hunari bor-a, ammo cholga po‘lat sandiqlarni qanday ochishiyu, qulflarni qanday ustalik bilan buzishini aytsinmi?
— Yomon, juda yomon, — dedi Alibek oqsoqol. — Chechen yigitning hunarsiz bo‘lishi yomon. Sen otboqarga yordamlashasan, raisga aytib qo‘ydim.
— Ish bo‘lsa qochmas, yana uch-to‘rt kun dam olay, — dedi Zelixon.
Bu gapni eshitib oqsoqol qalin qoshlarini chimirdi. Burgut ko‘zlarini eslatuvchi nigohi yondi:
— Sen erkakmisan? Erkak odam og‘zini ochib yotishi mumkinmi?
Zelixon uning chindan achchiqlanganini sezib:
— Xo‘p, ertadan chiqaman, — dedi.
— Hoziroq ishga jo‘naysan, qani, oldimga tush!
Zelixon qaysarlik qilmay unga ergashdi. Uning izidan bora turib «bobom tarsaki tushirib yaxshi qilgan ekanlar», deb qo‘ydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:19:16
3

    «Otboqarga qarashasan», deyilganda «em-xashagini berarman, sug‘orarman», deb o‘ylagan Zelixon yanglishgan edi. Yoshi yigirma beshlarda bo‘lgan qoruvli yigit ko‘rinishi ziyolinamo yordamchisiga qarab, qoshlarini chimirib qo‘ydi. Otboqar ham ko‘pchilik qatori Zelixonni ziyorat qilgan, uning o‘tmishi, hunari nima ekanini ham bilardi. Shu bois yangi yordamchisini xushlamayroq qabul qildi. Bir nima deb rad etishga Alibek oqsoqoldan qo‘rqdi. Chol «Ollohga topshirdim», deb ketgach, Zelixon daraxt soyasidagi taxta o‘rindiqqa borib o‘tirdi.
Otboqar unga bir oz qarab turdi-da:
— Yuring, ishlash kerak, — deb otxona tomon yurdi.
Zelixon, «ishlasak ishlaymiz-da», deb ming‘irlab unga ergashdi. Ichkariga kirgach, otboqar devorga suyog‘liq belkurak bilan uzun dastali supurgini olib, unga uzatdi:
— Avval go‘ngni bir yerga to‘plang. Keyin zambilg‘altakda tashib chiqasiz.
Otboqarning buyrug‘i qat’iy, qisqa va lo‘nda edi.
    Bu buyruqdan Zelixonning bir ensasi qotdi, bir g‘ashi keldi, bir jahli chiqdi. Keyin o‘zini yengishga kuch topib, asta ishga kirishdi. «Qamoqda ham bunchalik xor bo‘lmagan eding, akademik, — deb o‘yladi u, — yura-yura topganing go‘ng tashish bo‘ldimi?»
    Bir qadam oraliqdagi go‘ngni surgach, belkurakni joyiga qo‘yib, tashqariga chiqdi-da, soyadagi o‘rindiqqa borib o‘tirdi. Saman otni qashlayotgan otboqar u tomonga bir-ikki norozi qiyofada boqdi. So‘ng Zelixonning bemalol o‘tirib olganidan achchiqlanib, unga yaqinlashdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:20:29
— Darrov bo‘ldingizmi? — dedi kinoya ohangida.
— Kunlik norma bitdi, — dedi Zelixon mazax ohangida. — Menga qara, komsomol, shu otxonaning hammasini tozalab chiqsam, kolxozing menga necha pul yozadi?
Bunday savolni kutmagan otboqar bir oz o‘ylanib, so‘ng javob berdi:
— Sakkiz so‘m yozar deyman, buni surishtirmaganman.
— Agar sen tozalasang-chi?
— Men tozaladim nimayu siz tozaladingiz nima? Ish bir bo‘lganidan keyin haq ham bir bo‘ladi-da.
— Yo‘q, men xashaki ishchiman. Sen esa tajribali otboqarsan. Sen bajargan ishning sifati boshqacha bo‘ladi. Shuning uchun senga o‘n so‘m yozishar. Komsomol, kel, kelishaylik: men senga o‘ttiz so‘m beraman, sen esa meni tinch qo‘yasan.
Otboqar qoshlarini chimirdi:
— Savdoni boshqacha qilaylik: men sizga oltmish so‘m beraman, siz esa menga oliftagarchilik qilmaysiz.
— Xafa bo‘ldingmi, komsomol?
— Siz shu gaplarni aytishga uyalmadingiz, a? Men esam gapingizni eshitib, sizdan nafratlandim, bilib qo‘ying.
— Sen tushunmading, komsomol. Men ishdan qochadigan odam emasman. Kurortda yurib, allergiya degan kasal orttirganman. Kasalim ot go‘ngining hidiga qo‘ziydi. Nafasim bo‘g‘iladi. Ishla, desang, ishlayveraman, bo‘g‘ilib o‘lsam, tovonimga qolasan.
    Otboqar rost gapiryaptimi yo yo‘qmi, degan ma’noda qarab turdi-da, ensasi qotib, nari ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:21:39
    Zelixon savdosi pishmaganidan afsuslanib, yana bir oz o‘tirdi-da, so‘ng noiloj otxona tomon yurdi.
    Uch kunlik izzat-ikromdan so‘ng, u ham qishloqning oddiy faqiriga aylandi. «Endi ahvol shumi? — deb o‘yladi u. — Ertalab uyqudan uyg‘onaman, nonushta qilaman, so‘ng otxonaga borib go‘ng tashiyman, keyin uyga qaytaman, laqillab o‘tiraman... balki bir bevaga uylantirib qo‘yishar. Uni bag‘rimga bosaman, sochidan molxonaning hidi kelib turadi...»
    Zelixon bunday hayotga ko‘nikmagan edi. Shu yoshga kirib biron yerda qo‘nim ishlamagan, qo‘nim uy-joyi bo‘lmagan, shaharning olag‘ovuriga, maishatlariga, dimog‘i juvonlardan taraluvchi yoqimli hidlarga o‘rgangan odam uzoq tog‘li qishloqning osoyishta hayotiga ko‘nika olarmidi?
Vatan tuyg‘usi, Vatan mehri degan tushunchalar endigina uyg‘onayotgan odam bir dumalab boshqa insonga aylana olarmikin?
    Otxonadagi «mehnat faoliyati»ning beshinchi kuni otboqar unga «marhamat» ko‘rsatib, otlarni qashlab qo‘yishdek mas’uliyatli vazifani topshirdi. Zelixon qashqa bilan muomalasini endigina boshlagan paytda otxona hovlisiga oq «jiguli» shitob bilan kirib keldi-da, maydonchada keskin burilib, to‘xtadi. Zelixon odatiga ko‘ra sergaklanib, o‘zini otning panasiga oldi. «Jiguli» haydovchisi mashinadan tushib, hushtak chaldi-da, u tomon qarab «bu yoqqa kel», degan ma’noda qo‘l siltadi. Zelixon xuddi o‘zini panaga olmaganday, mashina kirib to‘xtaganini sezmaganday ishini davom ettiraverdi.
— Zelya! — deb baqirdi haydovchi, yana cho‘zib hushtak chalib, — Zelya deyapman! Karmisan?!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:23:12
    Zelixon o‘girilib, unga qaradi. Keyin qashlag‘ichini tashlab, mashina tomon yurdi. Mashinaga yaqinlashishi bilan orqa eshik ochildi.
— O‘tir, — dedi haydovchi qo‘rslik bilan.
    Zelixon uning amriga so‘zsiz itoat etdi. Haydovchi joyiga o‘tirib, mashinani yana shitob bilan joyidan qo‘zg‘otdi. Otboqar nima voqea yuz berganini idrok etolmay ham qoldi.
    Zelixon orqa o‘rindiqda o‘tirgan qora ko‘zoynakli yigitni bir qarashda tanidi — Moskvada Xongirey yonida ko‘rgan edi uni.
Qora ko‘zoynakli yigit unga qo‘lini uzatib ko‘rishdi-da:
— Akademik amaliy mashg‘ulot bilan band ekanlar-da, a? — deb piqillab kuldi.
«Kecha kelganingdami, akademikning go‘ng tashiyotganini ko‘rib, esing og‘ib qolardi». Zelixonning xayoliga shu gap keldi, tili esa boshqani aytdi:
— Ha. Darvin degan shogirdim «odam mehnat qilib turmasa yana qayta maymunga aylanib qoladi», degan ekan. Bir otboqar misolida shu nazariyaning isbotini sinayatuvdim. — Zelixon shunday deb kiborona jilmaydi, keyin jiddiylashib so‘radi: — Xongirey tinchmi? Nega meni yo‘qlab qoldi?
— Xongirey tinch. Ammo sen tinch emassan, — dedi yigit. — Farg‘onada ishkaling chiqibdi.
— Qanaqa ishkal?
— Kimlarni o‘ldirmoqchi bo‘lding?
— O‘ldirmoqchi bo‘lding? — Zelixon ajablandi. — Kimlarni o‘ldirding, demoqchimisan?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:24:06
— Sen qo‘lingdan kelmaydigan o‘yinga aralashibsan. Endi sen pachag‘i chiqqan odamsan, akademik. Yaxshi hamki baxtingga Xongirey bor.
— Qani, gapni cho‘zmay, maqsadni ayt-chi, — Zelixon shunday deb yigitning qora ko‘zoynagini olib, unga tikildi.
— Sen qopqonga tushibsan. Endi chiqishing qiyin. Sen ishongan marja mentlarga xizmat qilgan. Sen Bo‘rining tomiriga qora dori yubordim, deb o‘ylab laqqa tushibsan. U qora dori emas, darmondori bo‘lgan. Hozir mentlar izingga tushishgan. Seni ushlab sud qilishmaydi. Sen yo‘q bo‘lishing kerak, vassalom.
— Nega?
— Negaligini o‘zing bilasan. Sen nimanidir bilasan. Bir maxfiy ishdan hid olib qo‘ygansan. Kimki sen bilgan narsani bilsa o‘lishi kerak.
— Tushunarli.
— Yo‘q, hali tushunmading. Hozir uyingga borasan. Bir cholni ko‘rdik, unga ishonsang bo‘ladimi?
— Nimani?
— Unga aytasan: sheriklarim bilan oldi-sottida ishkal bor ekan, Maxachqal’aga ketyapman, yelkamga yuz ming ilib turishibdi. Shu ishni hal qilib qaytaman, deysan. Narsalaringni olma.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:25:04
— Keyin-chi?
— Keyin sen Sochiga borasan. Kommunistlar ko‘chasidagi o‘ttiz yettinchi uyda seni bir jonon kutyapti. Ismi Valya. O‘sha yerda tuxum bosib o‘tirasan. Bizdan xabar yetmaguncha qimirlamaysan.
— Keyin-chi?
— Nima keyin?
— Ovulda qanaqa gap tarqatasan?
— Men gap tarqatmayman. Ertaga qo‘l-oyog‘i, boshi kesilgan murdani qopga solib, tashlab ketishadi. Seni kiyimingdan tanishadi.
— Shu shartmi? Ovulga qirq yilda endi kelishim. Meni bu yerdan qidirishmaydi.
— Agar Xongireyni ahmoq deb o‘ylasang, bilganingni qil.
    Zelixon unga e’tiroz bildirmay, aytganlarini bajardi. O‘sha kuni shom qorong‘isi cho‘ka boshlaganda o‘zini Adlerda ko‘rdi. Adlerda avtobusga o‘tirib, Sochiga, so‘ng tayin qilingan Kommunistlar ko‘chasiga qarab ketdi.
    Valya deganlari chindan ham kuydirmajon edi. U eshikni ochib, Zelixonni ko‘rdi-yu, «sizga kim kerak, o‘zingiz kimsiz?» deb so‘ramadi. Xuddi safardan qaytgan erini kutib olayotganday bir shirin jilmayish hadya etib, «kiraver, yaxshi yetib keldingmi», dedi. Bunday holatga duch kelgan odam dovdirashi, «adashmadimmi, ishqilib?» deb ostona hatlashga shoshilmasligi turgan gap. To‘g‘ri-da, begona shaharga, begona uyga kelsangu bir begona huriliqo chiqib xushnudlik bilan kutib olsa?... Tanimay turib jilmayganicha qarshilayapti, hali uyga kirgach nima bo‘ladi, Xudo biladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:26:17
    Maosh olishni kutib yashovchi, ba’zan xizmat safariga chiqib qoluvchi, mehmonxona ostonalarida tilanchiday mo‘ltillab tong ottiruvchi odam uchun bu shunday g‘alat tuyuladi. Zelixon mansub olam uchun esa odatiy bir hol. Xongirey bu joyni aniq tayin qilmay, shunchaki «Sochiga borib kutsin», deb amr qilganida ham Zelixon uchun boshpana muammosi bo‘lmas edi. Harholda, akademik xor bo‘ladigan odam emas...
Zelixon dahlizga o‘tishi bilan Valya eshikni yopib, qulfladi-da:
— O‘ngdagi eshik vannaxona. To‘g‘ridagisi yotoqxona. Kiyimlaring, hujjatlaring o‘sha yerda, — dedi.
— Sen-chi? — dedi Zelixon, — Biror yoqqa ketmoqchimisan?
— Ha, — dedi Valya qo‘llarini beliga qo‘yib, — bormasam bo‘lmaydi.
— Uzoqqami?
— Uzoqqa... Bu yerdan besh qadam. So‘ng chapga. Oshxonaga. Vannadan eson-omon chiqsang yetib olarsan.
Zelixon qah-qah otib kulib yubordi.
— Hazilkash ekansan, menga shunaqalar yoqadi.
— Menga esa sendaqalar yoqmaydi. Soqolingni olishni unutma. Hayvonot bog‘idan qochganga o‘xshaysan.
    Valya shunday deb keskin burildi-da, oshxona tomon yurdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:27:32
    Zelixon yuvinib chiqqach, Valya aytgan «yo‘nalish» bilan borib, oshxonaga kirdi. Valya faqat o‘ziga zeb beribgina qolmay, uyni ham orasta tutar edi. Zelixon juvonning o‘zini tutishi, uydagi sarishtalikni kuzatib, «Bu yer Xongireyning qo‘nog‘i bo‘lsa kerak», degan to‘xtamga keldi.
— Bu yerga Xongirey ham kelib turadimi? — deb so‘radi ovqatlanayotib.
— Bu sening ishing emas.
— Jahling tez ekan.
— Ha. Ovqatingni ye.
— Yaxshi. Birgina savolim bor: ovqatni yeb bo‘lgach, nima qilamiz?
— Seni bilmayman. Ammo men yotib uxlayman, charchaganman.
— Ana xolos! Shunday so‘lim shaharda, shunday so‘lim kechada, shunday go‘zal xonim uyiga biqinib olsa... Xudoning ham qahri keladi bunga.
— Buguncha qahri kelmaydi. Sen ham damingni ol. O‘zingni quvnoq tutishga harakat qilma. Ahvolingni bilib turibman.
    Zelixon ovqatni yeb bo‘lgach, Valya tezgina idish-tovoqni yuvdi-da, «yaxshi yotib tur», deb xonasiga kirib ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:29:12
    Zelixon orqasidan kirayinmi yo yo‘qmi, deb ikkilanib turdi. Keyin eshikni asta itarib ko‘rdi: ichkaridan qulflanibdi. Zelixon «shunisi ham durust», deb qo‘yib, balkonga chiqdi. Bu yerdan dengiz qirg‘og‘i baralla ko‘rinib turibdi. Sohildagi rango-rang chiroqlar, qirg‘oq  bo‘ylab asta suzayotgan katta-kichik kemalarning chiroqlari miltillab ko‘rinadi. Bu shahar kun nima, tun nima bilmaydi. Maishat, buzuqlik tanaffussiz davom etadi. Erdan bezganlar ham, xotindan kuyganlar ham shu yerda topishadilar. Buzuqlik daraxtining nimaiki mevasi bo‘lsa totib ko‘rib, so‘ng yaxshi dam olgan yoki davolangan odam qiyofasida uylariga jo‘naydilar. U yoqda laqma erlar xotinlarini yoki nodon xotinlar erlarini guldastalar bilan kutib oladilar. So‘ng... tunda sog‘inch hislari jo‘sh uradi... Aslida qiyomat sodir bo‘lsa shu yerda boshlanishi kerak...
    Balkonda turgan Zelixon bularni o‘ylamaydi. Chunki buzuqlik uning uchun gunoh sanalmaydi. Ishtoni yo‘q ishtoni yirtiqqa kuladi, deydilar. Zelixon bu maqolning aksi o‘laroq, ulardan kulmaydi, nafratlanmaydi. Qachonki bundaylarning birontasi nomus, poklik haqida va’z ayta boshlasa, g‘azablanadi.
    Zelixonning nigohi sohildagi chiroqlarga qadalgan, xayoli esa Farg‘onada edi. U qanday xatoga yo‘l qo‘ydi? Nadulya... Bo‘ri... bular kimlar, o‘ylab o‘yiga yetolmaydi. Agar hukumat iziga tushgan bo‘lsa, chatoq, uzoq vaqt qochib yurolmaydi. Xongirey nimani mo‘ljal qilgan? Yo chet elga chiqarib yuborarmikin? Chet elda nima qiladi? Bu yerda «akademik» to‘rtta bo‘lsa u yoqda to‘rt milliontadir? U yoqda almisoqdan qolgan po‘lat sandiq, qulflar yo‘qdir? Bu hunarining sariq chaqalik qadri bo‘larmikin u yoqda? Yo go‘ng tashib tirikchilik qiladimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:31:34
    Zelixon shu paytda yana ovuliga qaytgisi, yana o‘sha otxonaga borgisi keldi.
    Valya ikki marta eshikni o‘g‘rincha ochib, balkondagi Zelixonga mo‘ralab qaradi. U qadrini oshirish uchun eshikni atayin ichkaridan qulflagan, Zelixonning bir-ikki chaqirishi qulfning ochilishi uchun kifoya edi. Valya balkondagi yolg‘iz erkakka qarab turib «Akademik»ning aqli joyida shekilli?» deb o‘yladi.
    Ertasiga peshinga qadar ham uyda o‘tirishdi. Valya kimningdir qo‘ng‘iroq qilishini kutdi. Qo‘ng‘iroq bo‘lgach, Zelixonga «ozodlik e’lon qilindi». Ular ikkovlashib, sevishgan er-xotin singari sayrga chiqdilar.
    Sayrning to‘rtinchi kuni sohildagi restoranga bordilar. Nimqorong‘i restoran gavjum edi. Ko‘z nimqorong‘ilikka ko‘nika boshlagach, Zelixon odat bo‘yicha atrofga razm sola boshladi. Cholg‘uvchining chap tomonida o‘tirgan yigit uning diqqatini tortdi. Jingalak sochli yigitning yonboshdan ko‘rinishi unga kimnidir eslatdi. «Bo‘lishi mumkin emas», deb o‘ylab nigohini undan oldi. Ammo nigohi o‘ziga bo‘ysunmay o‘sha jingalak sochga qadalaverdi. Bu orada kuy yangrab, bilgan ham, bilmagan ham o‘rnidan turib raqsga tusha boshladi. Jingalak sochli yigitni nazardan qochirmaslik uchun Zelixon Valyani raqsga tortdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:33:10
    Zelixon unga yaqinlashdi. Ko‘zlariga ishonmadi — Jamshid! O‘lgan odamni, yana murdasi yoqib yuborilgan odamning ovqat yeb o‘tirishini ko‘rib, esi og‘ib qoldi, deb bo‘lmas. Ha, boshqa bir odam hayratdan dong qotishi mumkin, badaniga yengil titroq yugurishi ham mumkindir. Lekin Zelixonda bunday holat yuz bermaydi, yuz berishi mumkin ham emas. Chunki u hayoti davomida bunaqa hodisalarni ko‘p uchratgan. «O‘z qo‘lim bilan o‘ldirdim», degani «Bo‘ri» tirik yurganidan keyin, bu Jamshid nima ekan? O‘zi-chi? Hozir ovuldagilar uni achinish bilan eslashayotgandir. Kimningdir bo‘laklangan gavdasini to‘plab, qabristonga eltishgandir. Ota-onasini, bobosini eslashgandir? «Ota-onasi, bobosining qabri boshqa yurtlarda qoldi, Xudoga shukr, o‘zi ota yurt tuprog‘iga qo‘yildi», deb o‘zlarini ovutishgandir... Hozir shu restoranga Alibek oqsoqol yoki otboqar kirib qolsami...
Zelixon raqsdan to‘xtab, Valyani chetga tortdi.
— Valyusha, — dedi u, — sen uyga boraver. Men bir tanishimni ko‘rishim kerak.
Valya unga sinovchan tikildi-da:
— Birga keldikmi, birga ketamiz, — dedi qat’iy ohangda.
— Qo‘rqma, qochib ketmayman, — dedi Zelixon hazilomuz tarzda.
— Qochib qaerga ham borarding, — dedi Valya qoshlarini chimirib. — Tanishingni birga ko‘ramiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:34:22
    Zelixon joyiga borib o‘tirdi. U Valyaga so‘zsiz bo‘ysunishi lozimligini bilardi. Valyaning atrofida albatta Xongireyning yigitlaridan borligi ham unga ma’lum. Hozir Valyaning «tanishingni birga ko‘ramiz», deyishi uning o‘jarligi emas, balki Xongirey ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishi edi. Xongirey «bir nafas ham yolg‘iz qoldirma», deganmi, demak, yolg‘iz qo‘ymaydi. Suyukli xotinday bo‘yniga osilib yuraveradi.
— Valya, cholg‘uvchilar tomonga qara, jingalak sochli odam o‘tiribdi.
Valya Zelixon ko‘rsatgan tomonga diqqat bilan tikildi.
— Osiyolikmi? Kavkazlikka o‘xshamaydi.
— Ha, osiyolik. O‘sha odam menga kerak. Nima uchun kerakligini senga uyga borgach aytaman. Ungacha sen uni... aylantirib ber. U bilan bu yerda gaplasha olmayman. Sen u bilan tanishib Suxumiga taklif qilsang yaxshi bo‘lardi.
— Nima uchun Suxumiga?
— Afon g‘origa olib kirish kerak uni.
— Keyin-chi?
— Keyin... har ehtimolga qarshi ikkita yigit ham kerak. Agar bu reja ma’qul kelmasa uyingga taklif qil.
— Mumkin emas.
— Unda Suxumi... Qo‘lingdan kelarmikin? — dedi Zelixon qitmirlik bilan.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:35:27
    Bu gap Valyaga malol keldi. Stol ustidagi qutidan bitta sigaret olib, nozik barmoqlariga qistirdi-da, nozli yurish bilan Jamshid tomon yurdi.
    Zelixon undan ko‘z olmay har bir harakatini kuzatdi. Valya Jamshidga yaqinlashib nimadir dedi. So‘ng sigaretni labiga qistirib engashdi. Jamshid gugurt yoqdi. Valya jilmaydi. Nimadir dedi. Bo‘sh stulga o‘tirdi. Jamshid unga ichimlik quyib uzatdi. Valya oyoqlarini chalishtirib o‘tirdi. Keyin Jamshidning sochini silab qo‘ydi. Jamshid u bilan gaplasha turib atrofga alanglab oldi.
Cholg‘uvchilarning tanaffusi tugab, kuy yangradi. Bir yigit kelib, Valyani raqsga taklif qildi. Raqs tusha turib yigit Valyaning qulog‘iga nimadir dedi. Valya sergak tortib, Zelixon tomonga qaradi. Ko‘zlar bir soniyagina uchrashdi. Valya shu soniyadan foydalanib ko‘cha tomonni ishora qildi. Zelixon bu ishoraning ma’nisini tushunib, ofitsiant bilan hisob-kitobni pishitdi-da, tashqariga chiqib, chiroqdan panaroq yerda hamrohini kuta boshladi.
    Valya uzoq kuttirmadi. Restorandan chiqib, xuddi yolg‘iz ayolday, xuddi birov kutmayotganday hech qayoqqa alanglamasdan katta ko‘cha tomon yurib ketdi. Zelixon orqasidan birov chiqib qolarmikin, deb poyladi. Valya uzoqlashgach, uning izidan ketdi.
— Senga nima uchun kerak bo‘lib qoldi u odam? — deb so‘radi Valya, orqasidan yetib kelgan Zelixonni qo‘ltig‘iga kirib.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:39:06
— Oti nima ekan? — dedi Zelixon uning savolidan bo‘yin tovlab.
— Jora.
— Balki Jamshiddir?
— Balki Jamshiddir. Xo‘sh, nima uchun kerak?
— Seni raqsga taklif qilgan yigit kim? Xongireyning odamimi? U nima deb pichirladi?
— Xongireyning odami emas. Shu yerlik itbaliqlardan. Seni qiziqtirayotgan Jora ularning mehmoni ekan. «Unga tegmalaring», dedi. Xo‘sh, u nimaga kerak?
    Valya o‘jarlik bilan surishtirmasa ham Zelixon aytardi. Chunki aytganlari Xongireyning bu yerdagi noibiga yetib borishi kerak. Jamshid bilan uchrashuv ularning yordamisiz bo‘lmaydi. Shu sabablarga ko‘ra ham Zelixon Jamshidning tarixini qisqa qilib aytdi.
— Ularning ishlariga aralashib nima qilasan? O‘zingni o‘ylasang-chi! Sening ishing unikidan battarroq-ku?
— Men undan faqat bir-ikki gapni so‘rab olaman. U yoqda do‘stimning ahvoli chatoq bo‘lib qolishi mumkin. Chechen hech qachon do‘stini yarim yo‘lda qoldirib ketmagan. Ishonmasang, Xongireydan so‘ra.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:40:50
XV  b o b

1

    Tunning dardlari arimasdan tong ota boshladi.
    Oy botdi.
    O‘tli hasratlarning fig‘onlari mangulikning sukutiga g‘arq bo‘lib botsa edi.
Tong yorishib borardi. Ammo dil qorong‘uligicha qolaverardi. Har kun ahvol shu: dil qorong‘i, dil og‘riydi, ba’zan ko‘zyoshlari yomg‘ir kabi quyiladi. Ko‘zlarni yosh kuydiradi.
Yuragi qiyma-qiyma, chilparchin, alamdiyda Zaynab tongni shu zaylda kutib olib, kunni shu holatda uzatadi. Kech kirganda uning yolg‘izligi boshlanadi. Orom ko‘zlariga kela qolmaydi, tunning tushlari kipriklarini yuma qolmaydi.
    Kasalxonaning alohida xonasida, alohida e’tibor og‘ushida yotgan Zaynab yolg‘iz qolgan kezlari boshini qaysi toshga urib yorishni bilmay qiynaladi. Yolg‘iz qolgan damlarida uning uchun na quyosh, na nur, na hayot qo‘shig‘i bor. U daryodagi egasiz, yolg‘iz qayiqday mayoqsiz suzadi. O‘zicha vaqtni orqaga surib, hammasini boshqatdan boshlagisi keladi. Agar yuzidagi uyat pardasini sidirib tashlab, Jamshidda ko‘ngli borligini onasi orqali otasiga bildirsa, suygani bilan qovusharmidi? Axir ming-minglab odam aro ikkisi g‘oyibona ip bilan qattiq ulangani yolg‘onmi edi? Nahot otasi Jamshidni kuyov qilishni istamas edi? Bir necha og‘iz so‘z bilan taqdiri butunlay o‘zgarishi mumkin edi. Ana shunda otarchining qiyshiq panjalari badanini silamas edi. Har tun motam choyshabi yopilgan o‘rinda to‘lg‘onmas ham edi. Endi hech narsa yo‘q. Sevinchi kabi yongan u chiroq o‘chgan. Endi uning hayoti puch xayollar zindoniga berkilgan... Endi jonga halovatli xabar eshitmaydi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:41:56
    Zaynab o‘qigan, biladi: qadimda ovrupolik qiz-juvonlar bu dunyo hayotidan to‘yganlarida rohibalik ridosini egnilariga ilganlar. Bu dunyo huzur-halovatlaridan voz kechganlar. Zaynabga endi bu dunyoda qanday huzur-halovat qoldi? Kundoshi zaharidan ko‘z yumgan Kumushbibi undan ming chandon baxtli emasmi ekan? Dunyodan ketsa ham bir necha muddat suygani bilan qovushdi-ku? Murodiga yetdi-ku? Uning Otabegini o‘ldirmadilar, yoqmadilar-ku! Uning pokiza badaniga Homidning nopok barmoqlari tegmadi-ku?..
    Zaynab shu xildagi xayollarga cho‘ri bo‘lib o‘tirganida ba’zan onasi kelardi. Onasi bilan nimani gaplashsin? Onasining qo‘lidan nima keladi — yig‘lashmi? Onasi har kelganida «odamning taftini odam oladi, xonangda yotavermay, chiqib, tengqurlaringga qo‘shilib tur», deb tayinlaydi. Onasining aytganini qilib, ularga hamsuhbat bo‘lgan taqdirda qanday naf oladi? Kimning eri qanaqaligini biladimi, yo bozorda chillaki uzumning narxi qancha ekanidan xabar topadimi, yo mashhur qo‘shiqchi ayolning qancha o‘ynashi borligi haqida bahslashadimi?
    O‘tgan kuni shunday bo‘ldi. Onasini kuzatib qaytayotganida suhbatlashib o‘tirgan juvonlarni bosib o‘tib keta olmadi. Qorinlarini qappaytirib, yumshoq o‘rindiqlarda yalpayib, xunuk bir alpozda o‘tirgan juvonlardan biri «keling, ovsin», deb uni davraga chorladi. Suhbat mavzui o‘sha qo‘shiqchiyu uning o‘ynashlari edi. Zaynab bu gaplarga toqat qilolmay o‘rnidan turdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:43:09
— Ha, ovsin, gapimiz yoqmadimi? — dedi davraga taklif qilgan juvon.
— Ha, yoqmadi, — dedi Zaynab.
— Voy savil, biz eshitganlarimizni aytamiz-da.
— O‘sha qo‘shiqchi xonimning qo‘shmachisi sizlar bilgan narsalarning yarmini ham bilmasa kerak.
Juvon Zaynabning erini eslatib, chimchilab, uzib oladigan bir gap aytmoqchi bo‘ldi-yu, kim bilan aytishayotganini unutmay «voy savil», deb labini cho‘chchaytirish bilan kifoyalandi...
    Onasi «odam taftini odam olar» deb shularni nazarda tutgan. Agar Zaynabning yuragi kengroq bo‘lganida bunday bachkanaliklarga e’tibor bermagan bo‘lardi. Kengga keng dunyo, torga tor dunyo deganlariday, hozir uning ko‘ngliga hatto qil ham sig‘maydi.
    Zaynab bu yerga kelmasidan avval, shodon kezlari ham to‘planib olib, g‘iybat balchig‘ini titib o‘tiruvchi xotinlarni yoqtirmas edi. Ba’zan o‘qishdagi dugonalari ham shunday suhbatni boshlab qolishsa «o‘llaring, qari kampirlarga o‘xshamay», deb nari ketardi. Xotinlar davrasining bu darajada bema’ni bo‘lishini shu yerda aniqroq bildi.
    Bu kasalxonada unga dalda bera oluvchi, ko‘ngilga orom hadya etishga qodir birgina juvon — Mardona. Hamshira bo‘lib ishlovchi bu juvonning suyaklari yo‘g‘on, yurishlari qo‘polroq bo‘lsa ham, chiroyli ko‘zlari hamisha kulib turardi. Bir kuni shu Mardona emlashga kirib, hasrat dasturxonini yoydi. Sevgan yigiti aldab tashlab ketgani, undan bo‘lgan bolaning o‘lik tug‘ilgani, so‘ng erga tekkani, sakkiz yildan beri farzand ko‘rmayotganini aytib, yig‘ladi. Dardiga hamohang gaplarni eshitib, Zaynabning unga rahmi keldi. Shu-shu Mardona tez-tez kirib turadigan odat chiqardi. Kechki emlashni Mardona bajarganida Zaynab tiniqib, hatto rohatlanib uxlaydigan bo‘ldi. Buni u Mardonaning suhbatlari asablarimni tinchlantiryapti», deb o‘yladi. Onasiga ham shuni aytdi. Otasining kasalxonadan chiqarish haqidagi amrini eshitganida «unda uyga Mardona borib tursin, xo‘jayinlariga ayting», dedi.
    Mardona kim o‘zi, aytgan gaplari chinmi yo aldovmi, na Zaynab, na Manzura o‘ylab ko‘rdi.
    Qizlik paytida Shomilning qo‘liga tushganicha uning xizmatlarini beminnat bajarib kelishini ular qaydan bilsinlar?
    Asadbek ham shu masalada go‘llik qildi. Xotinining gapiga osonlik bilan ko‘na qoldi. Oradan oylar o‘tib bu go‘lligi uchun o‘zidan o‘zi nafratlandi.

Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:47:44
2

— Hofiz! Uydamisiz?
Elchin tanish ovozni eshitib, o‘rnidan irg‘ib turdi. Darvoza ostonasida ovoz bergan Chuvrindi javobni kutmay, o‘z uyiga kirayotganday bemalol qadam bosib kelardi.
Elchin shoshilganicha yengi kalta ko‘ylagini kiyib, unga peshvoz chiqdi.
— Uyquni pulga sotib olgansiz shekilli, a? — dedi Chuvrindi u bilan ko‘risha turib.
Elchin bu hazilga kulimsirab qo‘yib, uni ichkariga taklif qildi. Chuvrindi ichkariga kirishga unamadi.
— Oshiq Majnuningizning ishlari nima bo‘ldi, Laylisi bilan qovushdimi? — deb so‘radi u.
— Halimjonmi? — Elchin gap kim haqida ketayotganini fahmlasa ham, so‘rab olib, so‘ng javob berdi: — Laylisiga yetishibdi. Qizning otasi kelib fotiha beribdi. Shunga o‘zi ham hayron. Kelib rahmat aytuvdi, sizga bu omonatni yetkazishni unutibman. Ayb menda.
— Majnuningiz hayron bo‘lmasin. Laylisiga yetishgan bo‘lsa yaxshi-da. Endi uni menga ro‘para qiling. Gaplaringizga qaraganda durust yigitga o‘xshaydi. Balki xizmatga olarmiz. Yaxshi odamlar qanotimizda bo‘lishi kerak.
— Qachon uchrashtiray?
— Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi. Itning oldidagi suyakni olsangiz irillaydi, a? Siz Hosilning og‘zidagi laqqa go‘shtni tortib oldingiz. Majnun bola shuni unutmasin. Tinch yashayman, desa biz bilan birga bo‘lgani ma’qul. Nima deysiz?
Elchin yelka qisdi:
— Kim biladi, balki ma’quldir.
— Ma’qul! — dedi Chuvrindi keskin tarzda. So‘ng cho‘ntagidan mashina kaliti bilan hujjatini chiqarib, Elchinga uzatdi: — Bizdan sovg‘a.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:49:38
     Elchin darrov tushundi. «Bu nima, nima keragi bor edi...» deb o‘tirmadi. Kalitga bir oz tikilib qoldi. «Bizdan sovg‘a? Nima uchun «bizdan», nima uchun «Asadbekdan» emas? Bu nima, «qizim bilan avvalgiday yashaysan», deganimi? Busiz ham ajralish haqida biron ishora qilmovdim-ku? Bu darajada mehribonlik?..»
Uning kalitga tikilib qolganini rad etishga chog‘lanish, deb tushungan Chuvrindi izoh berdi:
— Aslida sovg‘a emas, qarzimiz bor edi.
— Qanaqa qarz?
— O‘shanda mashinangiz qarovsiz qolib, qarindoshlaringiz sotib yuborishgan edi. Chiqqaningizda o‘rnini to‘ldiramiz, deb niyat qilgandik. Sizga maslahatim— ortiqcha gap-so‘zni ko‘paytirmang.
— Gap-so‘zga o‘rin yo‘q, — Elchin qo‘lini uzatdi.
— Qoyilman, o‘g‘il bola! — Chuvrindi kalitni uning kaftiga tashlab, kiftiga ohista urib qo‘ydi-da, iziga qaytdi. Ostonaga yetganida to‘xtab, o‘girildi: — Bir soatdan keyin kasalxonaga boring. Kennoyim kutib turadilar. Zaynabga bugun ruxsat berishdi.
     Elchin bir kaftidagi kalitga, bir Chuvrindining orqasidan qarab joyida qotib turdi. «Savdo osonlik bilan pishdi. Bahoim yomon emas». Elchin ko‘cha tomon yurdi. Ko‘chaning narigi betida, daraxt soyasida kulrang «Volga»ni ko‘rdi-da: «Bahoim zo‘r-ku!» Durust, arzon-garov ketmabman», deb qo‘ydi.
    Elchinning mashinani osonlik bilan qabul qilganini ko‘rib Chuvrindi: «Kutgan ekan-da, mol-dunyoga ro‘para bo‘lganida har qanday mard ham mo‘m tishlab qoladi. Bek akam yetti qavat yer ostida ilon qimirlasa ham biladilar», deb o‘yladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:52:17
    Uning xulosasi xato edi. Elchin bunday sovg‘a kutmagan, hatto orzu ham qilmagan edi. Agar istasa, nari borsa yarim yilda o‘zi shunday mashina sotib olishi mumkin. Agar Zaynabda ko‘ngli yo‘qligini birovga aytganida ham bu «sovg‘a»ni (yoki «qarz»ni) o‘t qo‘yib yoqib yuborsa yoqib yuborardiki, zinhor-bazinhor qabul qilmasdi.
    Dastlab Zaynabga majburiyat orqasidan uylandim, deb o‘ylagan edi. Keyinroq bilsaki, Zaynab u o‘ylagan sal narsaga suyuladigan yoki kibrlanadigan qizlardan emas. Unga nisbatan asta-sekin mehr, boshqacharoq aytilsa, Noilaga bo‘lgan muhabbati martabasida bo‘lmasa-da, shunga yaqin darajada iliqlik uyg‘ona bordi. Shu iliqlik, garchi gumon uyg‘otgan bo‘lsa-da, Zaynabning xiyonat haqidagi gapiga ishontirmadi, undan yuz o‘girishga undamadi.
    Gumon ba’zan Zaynabning xiyonatiga ishontirmoqchi bo‘lardi, yurakni zabt etgan mehr esa bunga yo‘l qo‘ymasdi. Elchin Zaynabdan yuz o‘girgan taqdirda Asadbek tomonidan qanday «mukofot» tayin etilajagini ham fahm etardi. Lekin uning shu «mukofot» qo‘rquvida yashayapti, deyish haqiqatga mutlaq zid bo‘lur edi.
    Elchin faqat bir narsadan — Zaynab bilan yuzma-yuz qolishdan, xotinining o‘sha mash’um gapni yana qaytarishidan, ishontirishga harakat qilishidan cho‘chirdi. Elchin yaxshi biladi — Zaynabning unda ko‘ngli yo‘q. Lekin ko‘ngilsizlik hamisha xiyonatga boshlayvermaydi. Ko‘p hollarda ko‘ngilsizlik o‘ti sabr suvi bilan o‘chirilib turiladi. Elchin      Zaynabni shunday deb biladi. Agar Zaynab bir necha kechadan so‘ng suya boshlaganida, mehri jo‘sha boshlaganida uning tuyg‘ulariga ishonmagan bo‘lardi...
Mana hozir mashinaga o‘tiradi. Kasalxonaga boradi. Qaynonasiga duch keladi, so‘ng xotini chiqadi. Zaynab mashinani ko‘rgani hamon «sizni sotib olishibdi-da», degan ma’noda nafrat bilan qarab qo‘yar... So‘ng uyga kelishar... So‘ng qaynonasi ketar...

   
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:56:20
3

    Shunday bo‘ldi: mashinaga o‘tirdi. Bordi. Qaynonasi Zaynabni boshlab chiqdi. Zaynab ozib, yuzidan rang qochgan. Elchinning nazarida u xasta emas, balki yanada suluvlashganday tuyuldi.
Uyga qaytishgach, qaynonasi oshxonaga kirib ovqatga unnadi. Zaynab avval xobgohga kirib, kiyimini almashtirib chiqdi, so‘ng hammomga kirdi.
    Xuddi Elchin kabi Zaynab ham yolg‘iz qolishdan, eri bilan yuzma-yuz bo‘lishdan cho‘chiyotgan edi. Oshxonada esa Manzura noqulay ahvolda: bir ko‘ngli tezroq ketgisi keladi, harholda kuyovining ko‘zi oldida ivirsib yurishi ma’qul emas. Bir ko‘ngli qizini tashlab ketgisi kelmaydi. Zaynabi eri bilan yolg‘iz qolganda nima deydi? O‘sha gapini takrorlamaydimi? Elchin-chi? Nima deydi? O‘sha gapni yuziga solmaydimi?
    Manzuraning qo‘li ishda, xayoli esa ming turli tashvish ko‘chalariga kirib chiqadi. Savollar sel oqimiday bostirib keladi. Qani edi, loaqal bittasiga javob topa olsa...
Sabzi-piyozni qovurib, suv solgunicha Zaynab yuvinib chiqib, oshxonaga, onasining yoniga kirdi.
— Guruchni o‘zing solarsan, men boray, adang kutib o‘tirgandirlar, — dedi Manzura qiziga o‘tinch bilan boqib.
— Ovqatlanib borsangiz-chi? Adamga telefon qilib qo‘yaylik.
— Adangning fe’llarini bilasan-ku?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:57:28
    Biladi. Uyda adasi intiq kutmayotganini, onasining bahonasi arzon-garov ekanini, ketgisi kelmagani holda shoshilayotganini ham biladi. Bilgani uchun ham noiloj yelka qisib qo‘ya qoldi.
Qaynonasini qaytmoqchi ekanini bilib Elchin ortiqcha iltifot qilib o‘tirmay:
— Olib borib qo‘yaman, — dedi.
Qaynonasini yaxshi ko‘rganidan yoki mehri jo‘shib turganidan emas, Zaynab bilan yolg‘iz qolishga yuragi betlamayotganidan kuzatmoqchi edi. Mashinani ko‘z-ko‘z qilib minib borishga toqati yo‘q edi, ammo nachora, Asadbekning xotini avtobusda ketmaydi-   ku?
    Elchinning xavotiri o‘rinsiz edi. Ko‘chaga chiqib «Volga»sining ro‘parasida «Jiguli» ko‘rdi. Manzura ular bilan xayrlashib, yoshlarni duo qila-qila o‘sha «Jiguli»ga chiqib o‘tirdi.
    «Hali ham nodonman. Kimlar bilan gaplashayotganimni unutib qo‘yaman», deb o‘yladi Elchin.
Hovliga qaytib kirib, ikkovlari ko‘z urishtirib oldilaru aytarga gap topolmadilar. Zaynab nima qilarini bilmay oshxona tomon bir-ikki qadam qo‘yib, to‘xtadi-yu, orqasiga o‘girilib so‘radi:
— Guruchni solaveraymi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 14:58:52
Elchin beixtiyor soatiga qaradi:
— Hali erta-ku?
— Birovni kutyapsizmi?
— Yo‘g‘-a...
    Aldadi. Kutyapti. Kasalxona yo‘lida ammasinikiga kirib «tez boring», deb tayinlagan edi. Amma «shunday bozorga kiramanu chiqaman», devdi. Uning «kiramanu chiqaman» degani kamida ikki soat vaqtni olar. Shuning uchun ham Elchin soatiga qarab olgan edi.
    Yaxshiki, qo‘ni-qo‘shnilar bor. Yaxshiki, xotinlarning «razvedkasi» zo‘r ishlaydi. Zaynabning qaytganidan xabar topgan ayollar yo‘qlab chiqishdi. So‘ng «bozorga birrovgina o‘tgan» ammasi «shoshilib» yetib keldi. Elchin bu tashriflardan foydalanib, Anvarnikiga borib, Risolat kampirni xabardor qildi. Oqshomda Anvar Xonzodasi bilan keldi. Shu zaylda shom qorong‘usiga qadar ular yolg‘iz qolishmadi.
    Yo‘qlovchilar ketgach, ularning uylarini vahimali sukunat zabt etdi. Televizorda kino boshlandi. Kinodagi gaplar, shovqinlar quloqlariga kirmaydi, sukunat bu ovozlarni ham bosib ketgan...
Elchin bu ahvol uzoq davom etishi mumkin emasligini biladi. Umuman... er suluv xotin bilan yolg‘iz qolganida ma’ruza aytishi shartmi?.. U Zaynabning yoniga o‘tirib, qo‘ltig‘i ostiga qo‘l yubordi. O‘z xayollariga bandi bo‘lib o‘tirgan Zaynab cho‘chib tushdi. Eriga qaradi. Bu qarashda «o‘sha gapdan keyin ham meni quchaverasizmi?» degan ma’no zohir edi. Elchin bu qarashning ma’nosini uqmaganday lablari bilan uning lablarini izlab topdi.
    Tun bir oz tahlikali, bir oz gumonli, bir oz esa... shirin o‘tdi.
    Qo‘rquv bilan kutilgan so‘zlar aytilmadi...
    Butunlay aytilmaydimi yo vulqon kabi kuch yig‘ib bir kunmas-bir kun otilib, hammayoqni vayron qilib tashlaydimi? Buni yolg‘iz Ollohning o‘zi biladi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 31 Oktyabr 2007, 15:00:32
XVI  b o b

1

    Shahar markazidagi uch qavatli uyning yerto‘lasi keyingi paytda gavjum bo‘lmay qoldi. Yangi rahbardan qo‘rqibmi, «Volga»larda keluvchi aziz mehmonlar ham qadamlarini tortishdi. Asadbek bu holning vaqtincha ekanini bilardi. Katta yangi ish boshlaganda maydaroqlarining paytavasiga qurt tushadi. Odobli, ishchan, halol odamlarga aylanadilar. Kattaning e’tiboriga tushib yoki qo‘ltig‘iga kirib olgach, yana eski hunarlarini boshlaydilar.
    Asadbek ishonchli nozik odamdan yangi rahbar-ning avvalgilariga o‘xshamasligini eshitib, tungi mehmonlarning ishi pachava ekan-da, deb qo‘ydi. Ayni choqda, o‘zining ishlarini ham mulohaza qila boshladi. Yerto‘ladagi xonasiga barvaqt kelganining boisi ham shunday.
    Asadbek uydan chiqqani hamon xabardor etilgan Kesakpolvon u bilan ketma-ket yetib keldi. Chuvrindi ulardan ilgariroq kelishni odat qilgan, ular esa bunga ko‘nikib qolishgan edi. Shuning uchun ham Kesakpolvon xonaga kirishi bilan:
— Mahmud ko‘rinmaydimi? — deb so‘radi.
— Mahmud Hofiznikiga borishi kerak. Undan onasini ko‘rgani o‘tmoqchi edi. Onasi og‘ir emish, — dedi Asadbek.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:28:23
— Og‘ir bo‘lsa — o‘ladi, qaytaga yaxshi, qutuladi, — dedi Kesakpolvon yumshoq o‘rindiqqa yastanib o‘tirib.— Men bo‘lganimda bunaqa onani zahar berib bo‘lsa ham allaqachon o‘ldirib yuborardim. Mahmuding g‘irt ahmoq, o‘sha shiltani «onam» deb yuribdi. O‘lmasa yana yuradi. O‘lgani yaxshi-da.
— Birovga o‘lim tilama. U Mahmudning onasi. Nima qilishni Mahmudning o‘zi yaxshi biladi,  u sening aqlingga muhtoj bola emas, — dedi Asadbek qat’iy tarzda. Kesakpolvon bu mavzuda gapirishni bas qilishi lozimligini uqdi.
    Asadbek «nozik» odamdan eshitganlarini, o‘zining xulosalarini Kesakpolvonga bayon qilgach, buyurdi:
— Orqa-oldingni o‘nglab ollaring. Ayniqsa sen qadamingni o‘ylab bos. Hozir mayda-chuyda ishlarga aralashmalaring.
— Mayda-chuyda deganing nimasi, sen nima desang shuni qilyapmiz-ku?
— O‘tgan kuni kimning mashinasini toptirib berding?
— Ha, umi? Yaxshi tanishlar o‘rtaga tushishdi. Men toptirib berdim, shumo qilganim yo‘q-ku?
— Toptirib berganing — o‘g‘irlaganing bo‘ladi. O‘zi o‘g‘irlab, soqqasini olib, qaytarib berdi, deyishadi. Mashinalarini kim tinchitgan bo‘lsa, o‘shanga borishsin. Biz ularni tanimaymiz. Salom-aligimiz yo‘q ular bilan. Yigitlaringga ayt, do‘konma-do‘kon izg‘ib yurishni to‘xtatib turishsin. Do‘kondorlaring ataganlarini o‘zlari olib kelib berishsin. Bergisi kelmaganlarga hozircha indamalaring. Buning o‘rniga tsexlarning ishini kuchaytir, savdo-sotiqqa zo‘r ber, taksichilaringni tindirma.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:28:45
— Tushundim. Vinzavod-chi?
— Vinzavod haqida gap yo‘q. U bizniki, unga qaraydigan ko‘z o‘yiladi.
— Shunaqa deysanu, lekin Hosilning g‘imirlashiga e’tibor bermayapsan. G‘ilayi turmaga boribdi. Qilich bilan uchrashibdi. Qilichni sen chiqarasan. Xizmatni esa unga qilsa-chi?
— Ho‘kizning o‘lgisi kelib, boltadan toymasa, mayli, kimga xizmat qilsa qilaversin. Hosil vinzavodni tushida ham ko‘rmaydi. Agar Qilichdan umidvor bo‘lsa, bo‘laversin. Qilich nima? Pashshaning yulingan qanoti. Puf desak, uchadi ketadi. Yaxshi tanbeh berding, Qilich chiqqach, u seniki. Har qadamini poylaysan. Sal toydimi, nima qilishni o‘zing bilasan. Faqat shoshilma, arqonni uzunroq tashla. Sharifning ahvoli qanday, qanjig‘ingni yo‘qotdingmi?
Kesakpolvonga so‘nggi gap yoqmadi. Qoshlarini chimirdi. Asadbek buni sezib, yana so‘radi:
— Ha, nimaga chimirilib qolding? Sendan gap so‘radim?
— Senga yoqmagan o‘sha qanjiq haqiqatparvar o‘sha olimchangni gah desang qo‘lingga qo‘nadigan qilib berdi. Olimchangdan xavotir olma, davolanyapti.
— Sirkang suv ko‘tarmayaptimi? Bir nima desam darrov jirillaysan-a.
— O‘zing ham ba’zan oshirvorasan. Ayniqsa Mahmudning oldida yer qilib tashlaysan. Sen shunaqa qilganing uchun u ham ko‘zlarini lo‘q qilib menga aql o‘rgatadi. Hech bo‘lmasa boshqalarning oldida o‘ylabroq gapirgin.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:33:27
— Agar Mahmud aql o‘rgatsa xafa bo‘lma. U o‘z jigaringdan a’lo bola. Aqli ham joyida. Sen zamonga qaramaysan. Senga qolsa hali ham kesak o‘g‘irlab yuraversang...
Asadbek gapni hazilga burmoqchi edi, Kesakpolvon battar tutoqdi.
    Dumini gajak qilgan chayon kabi endi zahrini solishga shaylanganida eshik ochilib, Chuvrindi kirib keldi. Uning mung shabadasi yalab o‘tgan chehrasini ko‘riboq, ikkovi ham «onasi qazo qilibdi shekilli» deb o‘ylashdi.
    Chuvrindi akaxonlari bilan so‘rashgach, odatdagi o‘z o‘rniga o‘tirdi. Asadbek unga savol nazari bilan qaradi. Kesakpolvonning esa sabri chidamadi:
— Ha, onang o‘ldimi? — deb so‘radi u.
Chuvrindi bosh irg‘ab qo‘ydi. Asadbek esa Kesakpolvonning qo‘pol muomalasidan g‘ashi kelib, unga norozi qiyofada boqdi.
    Lutf degan tushunchadan begona Kesakpolvon bu qarashning, Chuvrindining javob o‘rniga bosh irg‘ab qo‘yishining ma’nolarini ham anglamadi.
— O‘lgan bo‘lsa, Xudo rahmat qilsin. Shu yerga ko‘mdirasanmi?
— Qishloqqa olib ketishadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:33:42
«Qishloqqa olib ketishadi», deyishi Asadbekni ajblantirdi.
— O‘zing bormaysanmi? — deb so‘radi u.
— Borishni ham, bormaslikni ham bilmay turibman.
— Borma, — dedi Kesakpolvon. — Tug‘ilganingdan beri onang bormi, yo‘qmi, bilmaysan. Ko‘mgani bording nima-yu, bormading nima? Yana ham tirikligida qarading. Sening o‘rningda men bo‘lganimda...
— Bo‘ldi, cho‘zilma, — dedi Asadbek.
— Xo‘p, cho‘zilmadim. Lekin bitta gapimni aytib olay: Mahmud, xafa bo‘lmagin-u, ammo men sening o‘rningda bo‘lganimda uning xor bo‘lib yurishlarini, xor bo‘lib o‘lishini, xor bo‘lib ko‘milishini videoga olib, televizorda ko‘rsatardim. «Bolasini tashlamoqchi bo‘lganlar, ko‘rib qo‘ylaring, erta-indin senlar ham xorlanasanlar», derdim.
— Haydar aka, — dedi Chuvrindi bosiqlik bilan, — qo‘ying, bu gaplarni. Har bir narsaning sababi bor. Harholda meni... boshqalarga o‘xshab... o‘ynashdan orttirib tashlamaganlar.
— Men misol uchun aytdim, ko‘nglingga olma.
— Misol uchun ham aytmang. Misolni boshqalardan keltiring.
— Bo‘pti, men fas! — Kesakpolvon shunday deb qo‘lini ko‘tarib, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— Sen bugun yo‘lga chiq. Biz Haydar akang bilan ertaga fotihaga o‘tamiz, — dedi Asadbek.
— Ovora bo‘lib nima qilasiz? — dedi Chuvrindi.
— Unaqa dema, uka, hurmating bor. Ma’rakani o‘tkazib kelganingdan keyin ikkalamiz Krasnoyarga jo‘naymiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:33:57
Bu gap a’yonlar uchun yangilik edi. Ikkovi ajablanib Asadbekka qarashdi.
— Krasnoyarda nima qilasan? — deb so‘radi Kesakpolvon.
— Otam topildilar, — dedi Asadbek. Keyin Anvardan eshitganlarini qisqa tarzda aytdi. — Qabrlarini ziyorat qilib kelaman. Balki jasadlarini shu yerga ko‘chirish kerakdir, a?
Asadbek shunday deb Chuvrindiga qaradi. U javobga taraddudlanib, yelka qisdi:
— Bunaqasini eshitmaganman. Mullalardan so‘rab ko‘rish kerak.
— Sen qaytishingda Sobitxonga uchra. Holidan xabar olib, bahonada shuni ham so‘raysan. Bo‘pti, boshqa gap yo‘q bo‘lsa, sen boraver.
— To‘xta, gap bor, — dedi Kesakpolvon. — Kavkazliklar xol qo‘yishibdi. Ishkal chiqadiganga o‘xshaydi. Bittasini chet elga o‘tkazib yuborishimiz kerakmish. Ungacha hech narsa aytmasmish. Tushunyapsanmi, bo‘yniga olmasmish.
— Ishni pishiq qilganman, devding-ku?
— Ish pishiq edi. Shartga ko‘nishgan edi. Hayronman, bu ahmoq gapni ularga kim o‘rgatgan ekan? Xafa bo‘lmagin-u, Bek, shu ishda bir yanglishdik.
— Sen yanglishding. Men yoqib yuborlaring, demovdim. Mahmud, nima deysan?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:34:10
— Nima deyin, hayronman?.. Prokuror uyimga keldi. Tayin bir gap aytmadi. Murdani kavlatib yana tekshirtiribdi. Chaynalib-chaynalib qo‘yishidan bir baloni yashirayotganini fahmladim. Boshdayoq ishni unga topshirtirib xato qildik. Ishonchli odamlar bilan bitiraversak yaxshi edi. Tajribasizini yo‘lga solish qiyinroq bo‘larkan. Agar kavkazliklar rostdan ham chet elni da’vo qilishgan bo‘lsa, boshqa ishkallik ham chiqadi. Ularni boshqa turmaga ko‘chirtirishlari ham mumkin. Boshqa turmaga ko‘chsa, biz va’dani bajara olmasak, ular chidolmay qolishadi. Tergovchi shunda ularning hiqildog‘idan oladi. Mana shunisi xavotirli.
— Xo‘sh, nima qilish kerak, deysan! — dedi Asadbek bir oz asabiylashib.
— Prokuror bola bilan pachakilashmaslik kerak, — dedi Kesakpolvon. — Kavkazliklar chet elni xohlab qolishgan bo‘lsa, yana yaxshi. Jo‘nattiramiz. Faqat chet eldan sal nariroqqa...
— O‘ylab ko‘rish kerak, — dedi Chuvrindi.
— Nimani o‘ylaysan? Ularni gumon bilan qo‘lga olishdimi? Guvoh tanidimi? Bo‘ldi-da.
Asadbek Chuvrindiga qaradi. Chuvrindiga bu to‘xtam ma’qul bo‘lmasa-da, xayoliga durustroq boshqa fikr kelmadi.
— Sen hoziroq ishga kirish, — dedi Asadbek, Kesakpolvonga qarab. — Ammo ehtiyot bo‘l, latta hidi kelmasin.
— Xotirjam bo‘laver, kesak o‘g‘irlaydigan zamonlarim o‘tib ketgan, — dedi Kesakpolvon.
U o‘rni kelganda Asadbekni cho‘qib olganidan xursand edi. Ularning suhbatlaridan bexabar Chuvrindi bu so‘z o‘yiniga tushunmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:36:27
2

    Chuvrindi mashina kalitini Elchinga topshirgach, onasidan xabar olgani o‘tgan edi. U darvoza ostonasida ko‘rinishi bilan uy bekasi shoshilib peshvoz chiqdi-da:
— Voy, xayriyat-e, nima qilishni bilmay, hozir otin oyiga bola jo‘natdim. O‘qimasa bo‘lmaydi shekilli? — dedi.
— Tinchlikmi? — dedi Chuvrindi, ayvon tomon xavotir bilan qarab.
Uy bekasi boshini sarak-sarak qilib, labini tishladi.
Chuvrindi ayvonga yaqinlashdi. Onasining ko‘zlari yumuq. Uning hali joni bor ekanini ko‘kragining dam-badam sal ko‘tarilib tushayotganidan bilish mumkin edi.
— Egachi, o‘g‘lingiz keldilar, — dedi uy bekasi.
Bu gapni eshitishi bilan onasining yuzlari uchdi. Keyin ikkala ko‘zi baralla ochildi.
— Yaqinroq boring, salom bering, keyin... roziliklarini oling, — dedi uy bekasi.
Chuvrindi uning amriga so‘zsiz itoat etdi. Onasi sog‘lom odamning ovozi bilan alik oldi. Buni eshitgan uy bekasi ajablanib, «astag‘firulloh» deb qo‘ydi-da, nari ketdi.
— Xudoga shukr, kelding, — dedi onasi. — Bir gapni aytishim kerak. Shunda balki mendan rozi bo‘larsan, — onasi ko‘zini bir yumib, ochdi. — Otangning qaerga ko‘milganlarini bilib ol: hovlimizdagi baliqtutdan ikki qadam narida. Temir so‘rining tagida.
    Chuvrindi bu gap haqiqatmi yo o‘lim oldidagi alahsirashmi, bilmadi. Yana nima gaplari bor ekan, deb ko‘zlariga tikilib turaverdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:38:36
— Otang rashkchi edilar. Toqqa chiqib ketsalar ham tez-tez xabar olib turardilar. Men unda... pokiza edim. Otang tirikliklarida sira xiyonat qilmaganman. Bunaqa ish xayolimga ham kelmagan. O‘shanda pichanga ketdilar. Qaynonam... buving bilan munosabatimiz yaxshi emasdi. G‘alati odatlari bor edi... u kishi ham rashkchi edilar, — onasi shunday deb kulimsirashga harakat qildi, ammo bu kulimsirash ozg‘in yuziga ayanchli tus berdi. — Yolg‘iz o‘g‘illarini hatto mendan ham qizg‘anar edilar. Otangni kechalari ham chaqirib turardilar. Shunaqa asrardilar. Lekin... asragan ko‘zga cho‘p tushishini bilmagan ekanlar. Otang pichanga ketganlaridan keyin buving bilan aytishib qolib, uyimga ketdim. Sen hali qornimda eding. Uyga ketganimni kimdandir eshitib, bir kuni qorong‘i tushganida kelib qoldilar. Ortiqcha gap-so‘z bo‘lmadi. Dadam, akam bilan o‘tirib ichishdi, ovqatlanishdi. Keyin oralaridan gap qochdi. Yoqa bo‘g‘ishib qolishdi. Dadam bir urgan edilar... yiqilib, boshlari to‘nkaga urildi. Shu bilan oppa-osongina jonlari chiqdi-ketdi. — Onasi shunday degach, ko‘zlarini ohista yumdi.
    Chuvrindi bu holni ko‘rib qo‘rqib ketdi: o‘ldimi?! Shunaqa osonlik bilan jon berdimi? Yo‘q, onasi hali tirik edi. Og‘ir nafas oldi. Ko‘zlarini ochdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:39:29
— U kishini tut tagiga ko‘mdik. Odamlar bilib qolsa, dadam ham, akam ham ketar edilar. Otangning biznikiga kelganlarini odamlar ko‘rmagan ekan, bizdan gumon qilishmadi. Men esam... uyga sig‘may qoldim. Otangning ruhlari u uyda ham, bu uyda ham ta’qib qilaverdi. Tinchimni shaharda topmoqchi bo‘ldim. To‘g‘ri ishlab, to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri yashamoqchi edim. Odamlar darrov meni suyuqqa chiqarishdi. Seni tug‘masimdan oldin pokiza edim. Xudoga shukr, sen haromi emassan. Senga haromning tomchisi ham tegmagan. Buving bilan buvang tirnoqqa zor edilar. Shuning uchun ham seni ularga... qoldirdim. O‘zimning ota-onamga ishonmadim. Dadam bexosdan urib o‘ldirgan bo‘lsalar ham yomon ko‘rib qoluvdim. O‘zimni oqlamayman. Mayli, sen ham oqlama. Gunohlarimni bilaman. Seni tug‘ib qaynota-qaynonam bilan birga yashayversam ham bo‘lardi. Seni o‘g‘rincha tug‘ib, o‘g‘rincha tashlamasligim kerak edi...
    Dadil aytilayotgan gaplar asta o‘chayotgan shamdek      so‘na boshladi. So‘nggi so‘zlar shamchiroq singari titradi. Ko‘zlar yumildi. Yumilishi bilan bir tomchi yosh ojiz kipriklar orasidan sizib chiqdi. Shu dam darvoza ochilib, boshiga oq ro‘mol tashlagan ayol ko‘rindi. Uy bekasi shoshilib borib uni kutib oldi. Ayol erkak kishini ko‘rgach, yuzini to‘sdi. Chuvrindi nari ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:39:49
    Ayol ayvonga chiqib bemorning yoniga o‘tirdi-da, avval pichirlab, so‘ng ovoz chiqarib duo o‘qidi, so‘ng «Yosin» surasini o‘qiy boshladi. Chuvrindining onasi ko‘zlarini yumganicha harakatsiz yotaverdi. Ayol surani o‘qib bo‘lib, dam solgach:
— Egachi, ko‘zingizni oching, yaqinlaringizdan rozi bo‘ling, — dedi. — O‘lim haq. Hayot Olloh tomonidan bizga berilgan omonat. Mullaka, yaqinroq keling, siz ham rozi bo‘ling.
— Roziman...
Birgina so‘z... Tildan uchishi shunchalar og‘irmi? Yurakda tug‘ilgan so‘zning bo‘g‘izdan o‘tishi nechog‘li qiyin kechdi. Tildan uchishi esa yanada mushkulroq bo‘ldi.
Ajabki... ona-bola bu so‘zni bir vaqtda aytdilar...
— Endi, egachi, «la ilaha illoloh!» deng.
Onasi bu kalimani eshitib, ko‘zlarini javdiratdi. Kimdandir najot kutdi, qiynaldi.
— La ilaha illolloh, deng. Yengillashasiz, — dedi ayol.
Onasi ko‘zlarini javdiratib, to‘lg‘ondi. Necha kundan beri harakatsiz yotgan vujudning qimirlashi ajablanarli hol edi.
Ayol gapini uchinchi marta takrorlagach, onasi ko‘zlaridan yosh chiqdi. Titroq ovozda dedi:
— Ay-tolmayapman...
Ayol pichirlab duo o‘qib, yana dam soldi.
— Hech bo‘lmasa «Olloh!» deng.
Onasi yana to‘lg‘ondi. Ko‘zlari ola-kula bo‘ldi.
— Ay-tol-mayman...
Shunday dedi-yu, ko‘zlarini chirt yumib, bo‘shashdi-qoldi. Ayol uning jag‘ini ushladi:
— Bo‘ldi, — deb Chuvrindiga bir qarab oldi.
Uy bekasi yostiq tagidan oq ro‘mol olib ayolga uzatdi. U marhumaning jag‘ini bog‘ladi. Keyin ro‘molcha bilan oyoqlarning bosh barmoqlarini bog‘lashdi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:42:24
3

    Chuvrindi murdani qishloqqa jo‘natish xususida yigitlariga topshiriq berib, Asadbek huzuriga yo‘l olganida dafn marosimiga borish yo bormasligini o‘zi ham aniq bilmas edi. Ko‘ngli borishga undardi, yuragida uyg‘ongan boshqa bir ovoz esa «o‘likning orqasidan nima deb borasan? Qo‘lingga hassa olib, tobutning oldiga tushib «Voy, onajonim!» deb faryod solasanmi? Hammaga kulgi bo‘lasanmi, tashlandiq bola!» deb yo‘lini to‘sardi. Bu ovozni o‘chirishga o‘zida kuch topa olmadi. Bu ovozni Asadbekning amri bo‘g‘di.
    Uch qavatli bino yerto‘lasidan chiqqach, onasining joni uzilgan uyga bordi. Yigitlari   «Tez yordam» mashinasida kelib, murdani olib ketishgan ekan. Uy bekasi odamgarchilik qilib, ularga hamroh bo‘libdi.
    Qishloqqa kechki salqinda yo‘lga chiqishni mo‘l, uyiga ketdi. Barvaqt kelganidan xotini ajablandi. Chuvrindi unga bo‘lgan voqeani qisqa tarzda aytdi. Xotini qaynonasi borligini, uning bir necha soat burun jon berganini bugun eshitdi.
— Nega avval aytmagan edingiz? — dedi xotini hayratlanib.
— Bu sen aralashadigan ish emas.
Xotini ortiqcha gap aytib yuborganini fahmlab, labini tishladi.
Chuvrindi esa xotiniga qo‘pol gapirishga gapirib qo‘yib, afsuslandi. Ko‘pincha shunday bo‘ladi: nimadandir ko‘ngli g‘ashlanganida uyga qaytgisi, oila davrasida o‘tirgisi, xotinidan, bolalaridan shirin gaplar eshitgisi keladi. Ba’zan ishni o‘zi buzadi: bugungiday qo‘pollik qiladi-yu, xotini-bolalarining yuragini oladi, bechoralar gapirishga ham qo‘rqib qolishadi. Ba’zan esa qandaydir arzimagan ish katta bir tashvish ko‘rinishida unga arz qilinadi-yu, xufton ko‘ngli battar zulumot qa’riga cho‘kadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:43:35
    Hozir uyiga kelishidan maqsad — bir oz dam olish bahona, aslida xotiniga dardini yorib malham bo‘lguchi so‘z eshitish edi. «Bu sen aralashadigan ish emas», deganidan so‘ng malham bo‘lguchi so‘zdan umid qilmasa ham bo‘lar.
Xotini unga bir qarab oldi-da, aybdor odamning ovozi bilan so‘zlashga o‘zida jur’at topdi:
— Adasi, men ham borayinmi?
Chuvrindi buni o‘ylab ko‘rmagan edi. Darvoqe, borsinmi? Borganida nima qiladi? Kelinlik vazifasini ado etib «voy, onam»lab dodlaydimi?
— Yo‘q, — dedi Chuvrindi, shularni o‘ylab. Bir oz sukut qildi-da, so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Bormaysan. Sen boradigan joy emas.
    So‘nggi gapni aytishi bejiz emas. Onasi-ku, o‘ldi-ketdi. Ammo bu xonadonda hali «bobo» deb atalishi lozim bo‘lgan odam, «tog‘a» deb ataluvchi kishi, yana o‘zi ham bilmaydigan bir to‘da qarindosh-urug‘lari bor. Ular ko‘p, ularni ko‘rishga esa unda ko‘z yo‘q. O‘zi ularni ko‘rishga toqat qilolmaydimi, bas, xotinining ko‘rishiga ham hojat yo‘q.
    Chuvrindining ma’yusligini ko‘rib, akaxonlari, ayniqsa Haydar akasi, endi esa xotini «onasining o‘limidan qayg‘uryapti», deb o‘ylashdi. Qayg‘urgani uchun Haydar akasining hatto g‘ashi ham keldi. To‘g‘ri, o‘lim tufayli ham uzoriga qayg‘u ko‘lanka soldi. Ammo ko‘nglini kemirayotgan bu ko‘lanka emas, balki onasidan eshitgan yangilik — otasining taqdiri edi. Aslida uni qishloqqa borishga undayotgan ham dafn marosimi emas, balki otasining necha yildan beri yashirin yotgan yerini ko‘rish, ziyorat qilish edi.
    Salqin xonaga kirib yotdi. Xotiniga «uxlab qolsam bir soatdan so‘ng uyg‘ot», dedi. Shu ahvolda uyqu kelar ekanmi? Yarim soatcha u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilib yotgach, o‘rnidan turib hovliga chiqdi. Yengil-elpi ovqatlangan bo‘lib, yo‘lga tushdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:45:24
    Qishloqqa kirib borganida xufton namoziga azon chaqirilmoqda edi. Onasi yashagan uy oldida uch-to‘rt odam gaplashib turardi. Chuvrindi mashinasini ulardan o‘n-o‘n besh odim narida to‘xtatdi. Mashinadan tushishi bilan turganlardan biri uni tanib, shoshganicha ichkariga kirib ketdi. «Xabar qilgani shoshilyapti. Menga kim peshvoz chiqarkin. Bobommi, tog‘ammi?» shu fikr xayoliga kelib, ijirg‘andi. Chunki hozir ikkovini ham ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi.
    Chuvrindi turganlar bilan so‘rashgach, eshik og‘zida bir oz to‘xtadi. Bu yerda turish noqulayligini bilib, yo‘lak sari ikki-uch qadam qo‘ydi.
    Hovliga chiroqlar yoqilgan. Ana, tut daraxti ko‘rinib turibdi. Sal narida temir karavotning bir cheti ko‘zga tashlanadi. Yo‘lakning oxirigacha borilsa karavot baralla ko‘rinadi. Tut daraxti... temir karavot... odamlar o‘tirishgandir... uning ostida esa... otasi...
    Hovlining chiroq nuri yetmayotgan tomonidan bir sharpa ko‘rinib, u tomon yura boshladi. Yorug‘ tomonga o‘tgach, bel bog‘lagan baqaloq odamni tanidi: «Tog‘am-ku?» U ichkari kirishni xohlamagan edi. Hozir bu uyga kelganidan, yo‘lakda turganidan afsuslandi. «Ertalab kelib ketsam ham bo‘lardi», deb o‘yladi. Endi vaqt kech, orqaga qaytishning iloji yo‘q. Tog‘asi:
—Voy jigarim, onangdan ayrilib qoldik, — deb quchoq ochdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:46:05
    Chuvrindi tisarildi. Uni urib yuborgisi keldi. Lekin o‘nlab ko‘zlar tikilib turganini fahmlab o‘zini bosdi. Quchoq ochib kelayotgan tog‘asiga qo‘lini uzatdi. Tog‘asi yig‘lamsirab bir nima demoqchi edi, gapini shart uzdi:
— Temir karavot ustida odam o‘tirmasin!
Dag‘allik bilan aytilgan so‘z tog‘ani gangitdi. So‘ng Chuvrindining nima uchun bunday deganini tushunib qo‘rqib ketdi-da:
— Xo‘p, xo‘p, jiyan, — dedi.
— Jiyan ham dema, tilingni sug‘urib olaman.
Mahmudning kelganini eshitib ajablangan tog‘a, endi bu gaplardan so‘ng tamom dovdirab qoldi.
— Ertalab kelaman, — Chuvrindi shunday deb shart burildi-da, mashinasiga qarab yurdi.
Bu uydan uzoqlashgach, qayoqqa borishini o‘yladi. Bolaligi o‘tgan uyda hozir bobosining jiyanlari turishadi. Kirib borsa, harholda, boshlari osmonga       yetmasa ham, izzatini joyiga qo‘yadilar. Lekin yarim tungacha o‘ziga yoqmagan suhbat bilan band bo‘lishi, keraksiz yuzlab savollarga javob berishi lozimligini o‘ylab borgisi kelmadi. Bolalikda orttirgan do‘stlarinikiga borishga ham nechukdir oyog‘i tortmadi. Xayoliga Hovuz polvon kelib, mashinani o‘sha yoqqa burdi.
    Hovuz polvonnikida tunashni o‘ylamagan bo‘lsa-da, birrov yo‘qlashni shahardayoq ko‘ngliga tukkan edi. Hozir unikiga borayotganidan o‘zicha quvondi. Avvalo o‘g‘lining taqdirini biladi, keyin polvonning suhbatini oladi, uzoq yillik gunohdan forig‘ bo‘lish yo‘lida yana bir qadam qo‘yadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:47:16
    Eshik og‘zida mashina to‘xtashi bilan ichkaridan olti-etti yoshlar chamasidagi ikki bola yugurib chiqdi.
— Polvon tog‘aning nevarasimisanlar? — deb so‘radi Chuvrindi, ulardan tasdiq javobini olgach, buyurdi: — Yugur, bobongni chaqir.
Bolalar yarim yo‘lga yetmayoq Hovuz polvonning ovozi eshitildi:
— Kiravermaysanmi, xuddi begonaga o‘xshab turishingni qara.
Chuvrindi Hovuz polvonning peshvoz chiqishini kutib o‘tirmay, ichkariga qadam qo‘ydi.
— Kelganing yaxshi bo‘libdi. Esli bolasan, kelishingni biluvdim. Xudo rahmat qilsin, kim bo‘lsin, shu yog‘och otga baribir minadi, — dedi Hovuz polvon uni bag‘riga bosib.
    «Aqlli odam, — deb o‘yladi Chuvrindi, — «onangni berib qo‘yibsan», demadi, anavi ahmoqqa o‘xshab «jigarim»lamadi...»
    Chuvrindi ayvon bahavo, shu yerda o‘tiraylik, degan edi, Hovuz polvon «sen ham kichkina odam emassan, izzatingni bil», deb ichkari uyga boshladi. Xontaxta atrofiga ikki qavat ko‘rpacha to‘shalib, lo‘labolishlar tashlangan edi. «Kelishimni kutganmi yo uy doim shunday yasatig‘liq turarmikin?» deb o‘yladi Chuvrindi.
    Kelin salom berib kirib, darrov dasturxon tuzadi. Bir piyola choy icharli vaqt o‘tgach, kosalarda ovqat kiritildi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:48:00
— Uyingizni mehmon bosadigan paytda kelibman shekilli, — dedi Chuvrindi quvlik bilan. Hovuz polvon Chuvrindining uyida aytgan gapini eslab, kulimsirab qo‘ydi:
— Yo‘q, sen oshga tushgan pashsha emassan. Esingni taniganingdan beri uyimga endi kelishing. Men bobong bilan oshna edim. Bobomning ruhlari orom olsin, desang, do‘stlaridan xabar olib turishing kerak. Endi yosh bola emassan, bunaqa gaplarga ham aqling yetsin.
— Polvon tog‘a, siz otamni bilarmidingiz?
— Yo‘q, men bu qishloqqa keyinroq kelganman. Lekin otangning yo‘qolganini eshitganman. Har xil mish-mishlar yurardi.
— Qanaqa mish-mish?
— So‘raysan-a? O‘zing eshitmaganmisan? Shaharda o‘ynashi bor ekan, o‘sha kelib o‘ldirib ketgan, degan gap-da.
— Haqiqatni hech kim bilmaydimi?
— Nega bilmaydi? Xudo biladi.
— Men ham... O‘limi oldida aytdi.
— Bilganing yaxshi. Lekin endi foydasi yo‘q. Orada nima sir bor, bilmayman. Lekin sirligicha qolavergani ma’qul. Esli bolasan.
— Ha... — Chuvrindi xo‘rsindi. — Menga og‘ir meros qoldirdi. Bu sirni go‘rimga olib ketaman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:48:39
— Ovqatingni ich, ko‘zyoshing kosaga tushsa, sho‘rvaning sho‘ri chiqib ketadi.
Ko‘ngli ezila boshlagan Chuvrindi bu tanbehdan so‘ng bir oz yengil tortib, jilmayib qo‘ydi.
Kelin kosalarni olib chiqqach, Hovuz polvon choy quyib uzatdi-da:
— O‘g‘lim eson-omon chiqib keldi, rahmat, — dedi.
— Qani o‘zi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Toqqa chiqib ketdi. O‘t o‘ryapti.
— Men bilan birga ketsin.
— Yo‘q, ko‘z oldimda bo‘lsin. Sening ishingni bilaman, qaltis. Bugun oshig‘ing olchi, ertaga qarabsanki... Ke, qo‘y, mehnat bilan bo‘laversin. Yordaming kerak bo‘lib qolsa, yugurib boraveraman.
— Unda uylantirib qo‘ying. Bevosh yurmaydi.
— Ha, mo‘ljal bor. Xashakdan tushsin-chi.
— Xizmatning kattasini menga yuklaysiz. Hofiz mendan. Garniturni bu tomonlarda kuyov tomon oladi, a?
— Be, — Hovuz polvon kulimsirab, qo‘l siltadi, — shu uyga garnito‘rmi? Qo‘ysang-chi! Bitta sandiq, to‘rtta ko‘rpa-ko‘rpacha bilan turmush-tirikchiligim o‘tdi. Garnito‘ri kerakmas. Xudo baxtini bersin. Garnito‘riga tilla choynak-piyolalarni terib qo‘ysa-yu, Xudo baxtini bermasa hammasi bir pul.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:49:45
— Bu gapingiz ham to‘g‘ri. Lekin... men shu o‘g‘lingizni ukamday ko‘rib, to‘yiga bosh qo‘shsam, devdim.
— To‘yga aytib boraman, xotirjam bo‘l.
Yana bir oz gaplashib o‘tirishgach, osh kirdi. Oshni yeb, dasturxonga fotiha o‘qilishi bilan Hovuz polvonni kimdir chaqirib keldi. U tashqariga chiqdi-yu, dam o‘tmay qaytdi.
— Tog‘ang kelibdi, kir desam kirmaydi, o‘zingga aytadigan omonat gapi bor shekilli, chiqa qol.
Tog‘asi hovliga kirishga ham botinmay, ko‘chada turar edi. Chuvrindi uni zo‘r bir tashvish yetaklab kelganini sezdi. Ertalab singlisini dafn etadigan odam rasman jiyan deb ataluvchi mehmonni bekorga yo‘qlamaydi. Chuvrindi tog‘asining tashvishini anglab tursa ham o‘zini bilmaganga oldi-da:
— Ha, tinchlikmi? — deb qo‘ydi.
— Dadam yubordilar, nimaga olib kirmading deb, meni ancha koyidilar. Borsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Shuni aytgani keldingmi?
Tog‘asini sensirashi Chuvrindining o‘ziga ham xunuk tuyulsa-da, sizlashga tili bormadi. Tog‘asi esa bu sensirashni bo‘lajak xunuk bir voqeaning darakchisi sifatida qabul qildi. Keksayib qolgan odamning dovdirashi g‘alati bo‘larkan. Aytadigan gapini ham yo‘qotgan tog‘asi shu topda ishtonini ho‘l qilib endi onasidan shapaloq kutayotgan bola holida edi. Chuvrindi «o‘l, bu kuningdan», deb o‘ylab, uning bu holidan nafratlandi, ayni o‘rinda kulgisi ham keldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:50:41
— Ertalab boraman.
— Janozani bomdoddan keyin hovlida o‘qiydigan bo‘lishdi.
— Xo‘p, yana nima demoqchisan? Gaping bo‘lsa, ayt, ichingda qolib, sasib ketmasin.
Tog‘asi dardini aytishi uchun undan fatvo olgan bo‘lsa ham bir oz jim turgach, keyin asta so‘z boshladi:
— Menga rahmingiz kelmasa ham, otamga jabr qilmang. Qariganda shu azoblar kammidi? Ko‘z ko‘rmasa, chap qo‘l-oyoq ishlamasa, Xudo hech bir bandani bunday qiynamasin. Chaqaloqday bo‘lib qolganlar...
— Unga bu azoblar ham kam, — dedi Chuvrindi sovuqqonlik bilan.
— Ulg‘ayganingizda o‘zimiz aytmoqchi edik. Singlim yo‘l bermadi. Oxiri o‘zi aytibdi... Biz gunohkormiz... Lekin... atayin bo‘lmagan. Tasodif... to‘g‘ri, jiyan deyishga haqqim yo‘q, lekin... qonimiz bir...
— Bekor aytibsan! Yigitning tomirida otaning qoni oqadi, tog‘aning emas! Nimaga kelding, chaynalmasdan maqsadingni dangal ayt!
— Maqsad... maqsad... gunohimizni keching, o‘tgan ishga...
— Salavotmi? O‘raga sichqon tushdi, guldir gupmi?— Chuvrindining qoni qaynadi. «Bular meni kim deb o‘ylayapti? Hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qiladi, milisa chaqiradi, qamatadi», deyaptimi, qanaqa ahmoq ekan bular? Shularni qamatishdan boshqa ishim yo‘qmi? To‘xta, seni bir boplamaymi...» Chuvrindi bir shum qarorga kelib, qat’iy tarzda dedi: — Ertalab milisa kelib, karavotning tagini kavlaydi. Keyin nima bo‘lishi o‘shanda bilinadi.
— Yo‘q, yo‘q... jon... uka... unday qilmang. Otamga rahmingiz kelsin... — Tog‘asi endi rosmana yig‘lamsiradi. Tiz cho‘kib yalinishga tayyor holga keldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:51:40
— Menda rahm yo‘q, — dedi Chuvrindi. — Rahm nima qilsin. Shaharda daydib yurganimda rahm-shafqat degan hislar o‘lib bo‘lgan. Odamga mehr ona suti bilan kiradi? Ha! Menda mehr nima qilsin? Men yovvoyi odamman. Faqat odam go‘shti yemayman. Lekin odamni qiynab, rohatlanaman. Sen otang bilan birga qamoqda o‘lib, o‘sha yerda chiriysan. Qaytaga bolalaringga yaxshi. O‘liklaringni ko‘mishga sarf-xarajat qilib o‘tirmaydi. Hukumatning o‘zi chiroyli qilib joylaydi. O‘liklaringni qizib turgan o‘choqqa tiqadi. Murdalaring xuddi tirik odamday uch-to‘rt marta sakraydi-yu, keyin birpasda kulga aylanadi. Senlarning turgan-bitganlaring ikki hovuchgina kul.
    Chuvrindi aytgan bu gaplarni eshitishning o‘ziyoq dahshat edi. Murdaning yonish oldidan sakrashini ko‘z oldiga keltirgan har qanday odamning badanida yengil titroq turishi tayin. Chuvrindi tog‘asi bilan bobosini shu dunyoning o‘zidayoq do‘zax otashiga hukm qilayotgan edi. U krematoriyni o‘zi ko‘rmagan, ko‘rganlardan eshitgan, eshitib bir seskanib tushgan edi. Hozir tog‘asini ham shu holga solmoqchi edi. Tog‘asi seskanish nima ekan, birato‘la jon taslim qilay deb qoldi. Yalinish uchun emas, oyoqlarida darmon qolmagani uchun tiz cho‘kdi.
    Chuvrindi so‘kinib, yelkasidan ushladi-da, turg‘izdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:52:27
— Avval ham palid ekansanlar, palidliklaringcha qaribsanlar. Aslida sen xunasalarning kindiklaringdan bo‘g‘izlaringgacha tilib tashlashim kerak edi. Men milisa bilan ish bitiradigan hebbim emasman. Meni shunaqa past ketadi, deb o‘yladilaringmi? Men singlingning aytganlarini to‘g‘ri yo noto‘g‘riligini bilgani keldim. Otangni Xudoning o‘zi urib qo‘yibdi-ku, men turtib nima baraka topdim. Borib ayt, tinchgina o‘laversin.  O‘lganidan so‘ng janoza o‘qishadi, olib borib ko‘mishadi. Keyin  bittasi turib «qanaqa odam edilar?» deb so‘raydi. Hamma «yaxshi edi, Xudo rahmat qilsin», deb tarqaydi. Sening ham ko‘ngling joyiga tushadi. Xo‘sh, men-chi? Janozasi o‘qilmagan, molday ko‘mib tashlangan odamning  o‘g‘li nima qilishim kerak? Jo‘na, turqing qursin...
    Tog‘asi boshini egganicha, bitta-bitta og‘ir qadamlar bosib iziga qaytdi. Chuvrindi uning qorasi o‘chgunicha harakatsiz turib qoldi. So‘ng «Polvon tog‘a!» deb chaqirdi. Hovuz polvon ayvonda, ularning gaplarini eshitib, hayrat tuzog‘iga bandi bo‘lib o‘tirardi. Chuvrindining chaqiruvidan o‘ziga kelib, yoshiga xos bo‘lmagan chaqqonlik bilan o‘rnidan turdi-da, ko‘cha tomon yurdi.
— Polvon tog‘a, ketyapman.
— Ie, janozaga qolmaysanmi?
— Yo‘q... qololmayman. Jahl ustida yana bir narsa qilib qo‘ymayin.
— O‘zing bilasan... Esli bolasan, ammo qattiq gapirib yubording.
— Eng yumshoq gapirganim shu. — Chuvrindi shunday deb xayrlashish uchun  qo‘l uzatdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:55:21
XVII  b o b

1

    Anvar qiya ochiq turgan eshik ortidan Chuvrindini ko‘rib, yuragi «shig‘» etib ketdi. «Nahotki to‘g‘ri bo‘lsa?» deb o‘yladi. Shu o‘y xayolidan  o‘tishi bilan «Biz qachon seni aldagan edik?» degan ovozni zshitganday  bo‘lib, yurishdan to‘xtadi. Buni ko‘rib Chuvrindi kulimsiradi:
— Ha, Anvarbek, biron nima esdan chiqdimi? — dedi quvnoq ohangda.
Chuvrindining jarangdor ovozidan Anvar o‘ziga keldi. Qadamini tezlatib yurib bordi-da, ko‘rishib, so‘ng uni ichkariga taklif qildi.
— Ertaga Krasnoyarga jo‘naydigan bo‘lib turibmiz. Birga borasizmi, deb keldim, — dedi Chuvrindi, ichkariga kirishga unamay.
— Krasnoyarga? Nima uchun? — Anvar ularning Krasnoyarskka nima uchun borishlarini bilsa ham atayin so‘radi. Chuvrindi «nahot bilmasangiz?» deganday qarab qo‘yib, so‘ng javob berdi:
— Bek akamning otalarini ziyorat qilgani ketyapmiz.
— Kim?
— Bek akam, men, borsangiz — siz, yana Bek akamning bir jonajon og‘aynilari. Ulfati chor — anda maza bor, deyishadi-ku? Chor ulfat bo‘lib borib kelamiz.
Anvar tungi topshiriqni eslab, o‘ylanib qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:56:25
— Agar boradigan bo‘lsangiz, ertalabki sakkizda to‘g‘ri aeroportga chiqaverasiz. Mayda-chuyda olib yurmang. Yo‘q, yaxshisi soat yetti yarimda shu yerga mashina keladi.
— Bormasam kerak, uzrimni aytib qo‘ying, — dedi Anvar xomush tarzda.
— Ertalabgacha bir gap bo‘lar, — Chuvrindi shunday deb, mashinasi tomon yurdi.
Anvar uning mashinasi ko‘zdan yo‘qolgunicha turgan joyida qotdi. So‘ng burilib, ichkari kirdi-da, yarim yo‘lda yana to‘xtadi. Derazasiga qaraganicha turib qoldi.
    ...Kecha tunda xuddi shu derazadan nur oqib kirgan edi. Yo‘q, avval shirin uyqudagi Anvarni kimdir turtib uyg‘otganday bo‘ldi. «Xotinim uyqusirab turtdimi?» deb o‘yladi. Yo‘q. Xonzodasi o‘rin chetida, orqa o‘girganicha beozorgina uxlab yotibdi. Anvar, uyqusi to‘la  ochilmasidan, tanish ovoz eshitdi:
— Seni biz uyg‘otdik...
— Nimaga? — dedi Anvar ajablanib. — Bezovta qilmaymiz, degan edinglar-ku?
— Ha, seni biz bezovta qilmaymiz. O‘zing chaqirding. Tur o‘rningdan.
Anvar buyruqqa itoat etib, o‘rnidan turdi-da, qo‘shni  xonaga chiqdi. Xona yorishgan, derazadan nur oqib kirgan edi.
— Men sizlarni chaqirmadim.
— Tiling bilan chaqirmading. Lekin dildan istading. Bizdan najot kutding. Bir necha marotaba chaqirishga chog‘landing. Lekin jur’at etmading. Qo‘rqding.
— Bo‘lmagan gap! Meni qo‘rqoqlikda ayblashga haqqingiz yo‘q!
— Botirmisan? Botirni ham, qo‘rqoqni ham bir ildiz qovushtirib turadi. Botir bir ishni qilishga jazm eta olgani uchun botir, qo‘rqoq esa o‘sha ishni qilmay qochgani uchun qo‘rqoq.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 12:57:36
— Bu falsafangiz noo‘rin.
— Bahslashma, muddaoga ko‘ch.
— Men domla Inoyatulloni ko‘rishim kerak.
— Mumkin emas, ijozat yo‘q.
— Haqiqatni aniqlashim zarur.
— Haqiqat shuki, Hikmat O‘rolov aybsiz aybdor. U Inoyatulloga xiyonat qilmagan.
— Haqiqatni bilmoqchiman, menga isbot kerak.
— Haqiqatni senga Hikmat O‘rolovning o‘zi aytadi. Unga ishon.
— Qachon?
— Tong otgach, seni Asadbekning odami yo‘qlab, safarga chorlaydi. Sen u yoqqa borma. Xizmat joyingda seni noxushlik kutadi. Sen o‘zingni yo‘qotma. Hech kim bilan aytishma. To‘g‘ri Hikmat O‘rolovning uyiga bor. Gaplarini eshit. So‘ng, biz uni olib ketamiz...
— Yo‘q! — Anvarning ovozi xuddi jon taslim qilayotgan odamnikiday  bo‘g‘ilib chiqdi. — Yo‘q! — deb takrorladi u. — U yashashi kerak!
— Uning ruhi oromga muhtoj.
Shu gapdan keyin Anvarning quloqlari shang‘illadi. Nur yo‘qoldi. Terga botgan Anvar deraza oldida yana uzoq turib qoldi...
    Hozir Chuvrindini kuzatgach, tunda eshitganlari haqiqatga aylana boshlaganidan qo‘rqdi. Ha, qo‘rqdi. Lekin uni bu holatda qo‘rqoqlikda ayblab bo‘lmas. U ayni damda ojiz edi. Bo‘lajak voqealarga to‘g‘anoq bo‘la olmasdi. Bo‘lajak noxushliklarni iziga qaytarolmasdi. Mana shu ojizlik uning yuragiga qo‘rquv solardi.
    Ana shu qo‘rquv bilan ishga otlandi. Shu qo‘rquv bilan xonasiga kirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:00:12
2

    Hamxonalari birin-ketin keldilar. Xomush o‘tirgan Anvar ular bilan bosh irg‘ab so‘rashdi. Yaxshi kayfiyatda kirib kelgan Gulnora unga bir  qarab olib «nima balo yana ayniyapti shekilli?» deb o‘yladi-da, sumkasidan gazit chiqarib, o‘qiy boshladi. Uning bu harakati Anvarning ziyrak nazaridan chetda qolmadi. «Gazit o‘qiydigan bo‘lib qolibdimi?» deb ajablandi. Dam o‘tmay xonaga «eng kichik ilmiy xodim» kirib, Anvar bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi-da, gazit o‘qiyotgan Gulnoraga g‘alati qarab qo‘ydi.
    Xonada o‘lik sukunat hukmron edi. Ayollarning o‘zaro pichirlashib olishlari yoki narx-navo yangiliklari ham nechukdir kun tartibidan o‘chirilgan. «G‘alati kun, — deb o‘yladi Anvar. — Bu sukut nimaning alomati? Vulqon portlashi arafasidagi osoyishtalikmi bu? Bular bir nimani bilishadi, men esam bilmayman... «Eng kichik ilmiy xodim» ham nimadandir xabardorga o‘xshab o‘tiribdi. Men nima uchun bexabarman? Nima uchun merovsirab o‘tiribman?» Anvar bunaqa kutishga, bunday sukutga toqat qiladigan toifadan emas. U «eng kichik ilmiy xodimga» savol nazari bilan tikildi. U avvaliga bu qarashga dosh berolmay, nigohini olib qochdi. Keyin o‘rnidan turdi-da, Anvarga yaqinlashib, gazitni uzatdi. Anvar gazitni qo‘lga olganida Gulnora «Voy, tavba-e», dedi-da, o‘rnidan turib, xonadan chiqdi. «Eng kichik ilmiy xodim» esa joyiga qaytib, Anvarga aybdor odamning nigohi bilan qarab qo‘ydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:01:38
    Anvar «meni kutayotgan noxushlik shu yerda shekilli?» degan o‘y bilan gazit sahifalariga ko‘z yugurtirdi. Uning nigohi sarsari kezmadi. Bir qarashdayoq Xolidiyning nomini topdi. Katta harflar bilan terilgan «Janozasiz ketganlar» degan sarlavha ustida «professor Xolidiy» deb qo‘yilibdi. Anvar maqolani o‘qimayoq, gap nimada ekanini angladi.
— Hammasi ravshan! — deb gazitni g‘ijimladi-da, «eng kichik ilmiy xodimga» qaradi: — Domla Inoyatullo va Hikmat O‘rolov haqida, shundaymi?
— Shunday... Lekin... oxirigacha o‘qing.
Anvar gazitni qayta tekislab, maqolani nafas yutib o‘qiy boshladi. Xolidiy Stalin zamonasidagi qatli om natijasida ilm, xususan, tarix ilmi nechog‘li ta’qibga uchraganini yoza turib, ko‘plar qatori o‘zining  ham aziyat chekkanini qistirib o‘tib, so‘ng gapni domla Inoyatullo taqdiriga burgan edi. Domla o‘ziga yaqin olib yurgan, hatto «shogirdim» deb faxrlangan bir guruh olimlarning unga xiyonat qilgani ham aytilgan, o‘sha «bir guruh» orasidan faqat Hikmat O‘rolovning nomigina zikr etilgan edi. Anvar «Xotin kishining makri qirq tuyaga yuk bo‘ladi, deydilar. Xolidiyning makri qirq emas, qirq ming eshelonga yuk bo‘lar-ov», deb yurardi. Bu maqolani o‘qiy turib fikrini o‘zgartirdi: «Uning makri qirq million eshelonga yuk bo‘la oladi!» Xolidiyning kim ekani, yuragi oqmi, qora ekanini bilmaydiganlar bu maqolani o‘qigach, uni aziyat chekkan, kuyunchak olim sifatida qabul qilishlari shubhasiz. Gazitni minglab odamlar o‘qiydi. Endi kimga borib «aslida Xolidiyning o‘zi ablah, Hikmat O‘rolov halol odam», deb ishontirish mumkin?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:03:19
    Anvarni kutayotgan noxushlik maqolaning so‘ngida edi:
    «...Men hujjatxonada o‘tirib bu dalillarga duch kelgach, ko‘zlarimga ishonmadim. Yaqin do‘stimning shunday siri borligiga ajablandim. Ana shunda boshqa bir hujjatlarni o‘rganib o‘tirgan iqtidorli olim Anvar Sattorovichga o‘qib bergan edim, u jo‘shib ketdi. Ha, halol odam deb yurgani bunday munofiq bo‘lib chiqsa chidash qiyin. Anvar Sattorovich chiday olmadi. Ko‘zda yosh bilan hujjatxonani tark etdi...»
    Anvar gazitni g‘ijimladi, so‘ng pora-pora qilib yirtdi. Keyin o‘rnidan turib, Gulnora o‘tirgan stolga yaqinlashdi-da, undagi gazitni ham poralab tashlagach, stolni zarb bilan tepdi. «Eng kichik ilmiy xodim» yugurib kelib, uni yelkasidan quchoqladi.
— Anvar aka, o‘zingizni bosing. Hech kim ishonmaydi bu gaplarga.
— Men bor edim o‘sha yerda, o‘qib bergan edi, maraz! Shularni yozish uchun atay borgan u haromi!
    Shu payt Anvarning qulog‘i shang‘illab, ko‘zlari tindi. Tanish ovoz eshitildi: «Hikmat O‘rolovnikiga bor...»
    Anvar «eng kichik ilmiy xodim»ning quchog‘idan bir yulqinib bo‘shadi-da, tez-tez yurib, xonadan chiqdi. Ovozning hukmiga bo‘ysunmay Xolidiyning xonasiga bordi: eshik berk... O‘lmas Akramning eshigi ham berk... Hatto kotibasi ham yo‘q. Anvar egasiz eshikni tepib, bo‘ralab so‘kdi-da, ovozning buyrug‘iga itoat etib, Hikmat O‘rolovning uyiga qarab ketdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:04:30
    Hikmat O‘rolov shahar markazida, olimlar uchun maxsus qurib berilgan ikki qavatli uyda yashardi. Eshik qiya ochiq bo‘lsa ham Anvar qo‘ng‘iroqni bosdi. Dam o‘tmay ostonada Hikmat O‘rolovning xotini ko‘rindi. Erini benihoya tarzda izzat qiluvchi, har qanday beta’sir shamoldan asrashga intiluvchi, sochlari tekis oqargan xushro‘y, xushmuomala bu ayol barchani shirinso‘zligi bilan maftun etardi. Hozir ham Anvarni mehribonlik bilan qarshiladi.
— Kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Domla sizni juda yaxshi ko‘radilar. Ko‘p gapiradilar. Ancha vaqt ko‘rinmadingiz, xavotirlandilar.
    Anvar nima deyishni bilmadi. «Tobim yo‘q edi», desa, jinnixonadan  chiqqaniga ham yarim yil bo‘ldi. Birrov kelib ketishi mumkin edi...
— Ayb menda, e’tiborsizlik qildim, — dedi Anvar dangal.
 Ayol bu gapni eshitib, shiringina jilmaydi-da, boshini sarak-sarak qilib, dedi:
— Unday demang, jon o‘g‘lim, yoshlarning ishlari, tashvishlari ko‘p  bo‘ladi. Eng muhimi, dilingizda tutgan bo‘lsangiz bas.
Anvar ostona hatlab ichkari kirib,  to‘xtadi.
— Nega to‘xtadingiz, kiravering.
— Domla... o‘qidilarmi?
— Ha... — ayol ma’yus jilmaydi. — Lekin siz qayg‘urmang. Bu hali fojia emas. Biz bundan battarlarini-da ko‘rganmiz.
— Hammasi tuhmat...
— Qayg‘urmang, deyapman-ku. Domlajon mutlaqo e’tibor bermadilar. Odatdagidek kitobxonalarida ish bilan bandlar. Yuring, yuravering....
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:05:25
    Anvar uy bekasining izidan ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Bu uydagi  mehmon kutishga mo‘ljallangan eng katta xona kitoblarga ajratilgan. To‘rt devor gir aylana, hatto eshik-derazalarning yonlari, tepalariga  ham taxtachalar qo‘yilib, kitoblar terilgan. Ko‘cha tomonga qaragan katta deraza yonida yozuv stoli. Ikki kishining suhbatlashib o‘tirishiga mo‘ljallangan ikkita yumshoq o‘rindiq, pastak kursi... Katta xonaning jihozlari shulardan iborat.
    Hikmat O‘rolov yumshoq o‘rindiqlardan  birini band etgan, qo‘lida qadimdan qolgan kitob. Ko‘zlari kitob sahifasiga qadalgan, xayoli esa nima bilandir qattiq band edi. U zinadan ko‘tarilayotgan ikki kishining sharpasini sezmadi. Anvar uning o‘tirishiga qaraboq, ish bilan band emasligini fahmlab, o‘girildi-da, uy bekasiga savol nazari bilan qaradi. Uy bekasi boshini chayqab qo‘yib, yengil yo‘taldi. Hikmat O‘rolov bunga  ham e’tibor bermadi. Shunda Anvar balandroq ovozda salom berdi.
    Xayol changalidan yulib olingan Hikmat O‘rolov cho‘chib tushdi-yu, ammo sir boy bermay alik oldi-da, o‘rnidan turib Anvarga quchoq ochdi.
— Qo‘ng‘iroqning chalinishidan siz kelganingizni biluvdim. Siz astagina, odob bilan chalasiz, — dedi u Anvarni bag‘riga bosib. — Xursandman, mehribonim, xursandman. Qani, o‘tirsinlar. Hozir ittifoqo mavlono Rumiyni o‘qiyotgan edim. Bir rivoyat xayolimni o‘g‘irladi. O‘qib beray, eshiting. Malikam, siz ham tinglang. Gapni cho‘zmaslik uchun  mazmunini aytayinmi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:10:40
— Men o‘zim o‘qib olarman.
— Durust. U holda choyni shu yerda ichamiz. Ikki olimning suhbati kitobxonada kechgani ma’qul.
Uy bekasi iziga qaytgach, Hikmat O‘rolov muqovasiga yamoq tushgan kitobni varaqladi. Anvar yozuv stolidagi gazitni ko‘rgan, domlaning atayin gapni chalg‘itishga urinayotganini fahmlab turardi.
— Siz yakan nima ekanini bilasiz, a? — deb so‘radi Hikmat O‘rolov.
Anvar bu so‘zni eshitgan, ammo nimani anglatishini aniq bilmas edi. Shu bois o‘ylanib qoldi.
— Faqat pul, demang. Otarchilar bir paytlarda pulni «yakan» deyishardi. Yakan — o‘simlik, qamishzorda o‘sadi. Yakanni o‘rib olib, quritib uzum osadilar, yoki savat qalpoq to‘qiydilar. Qamish, bilasiz, uzun. Yakan esa pastak o‘simlik. Xullas, yakan bir kuni qamishga qarab: «O‘, birodar, hadeb g‘o‘dayaverma, sal egil, Ollohning quyoshi nuridan biz ham bahramand bo‘laylik», debdi. Qamish unga qaragisi ham kelmay, burnini jiyirib qo‘yibdi. Vaqti-soati kelib qamishni o‘ribdilar. So‘ng yakanni. Tasodifni qarangki, o‘sha qamishdan yasalgan bo‘yrani bir uyga to‘shabdilar. Shu uy to‘sinlariga esa uzumni osibdilar. Yakandan to‘qilgan savat qalpoqni devorga ilibdilar. Oradan kunlar o‘taveribdi. Qamish pastda, yakan esa tepada ekan. Oxiri qamish tepadagi yakanga zorlanibdi: «Meni o‘rib olib quritdilar, tepkilab qovurg‘alarimni sindirdilar, so‘ng suvga bo‘kdilar. So‘ng qayirib bukib, bo‘yra holiga keltirdilar. Endi esa har kuni tepkilaydilar. Bu ham yetmaganday bir chetimni qayirib, tupuradilar...» — Hikmat O‘rolov shunday deb kulimsiradi: — Nos tupursalar kerak-da, a? Xullas, qamishning hasratidan chang chiqibdi. Shunda yakan debdi-ki: «Siz bekor g‘o‘daydingiz. G‘o‘dayib o‘saverdingiz. Ammo ichingiz g‘ovak ekanini unutdingiz. G‘ovak bo‘lganingiz uchun ham tepkilanishdan bo‘lak narsaga yaramadingiz. Hali ham kech emas. Siz o‘sgan yeringizda ildizingiz qolgan. Ularga yetkazing, sizning holingizga tushmasinlar...» — Hikmat O‘rolov shunday deb Anvarga savol nazari bilan tikildi: — G‘aroyib rivoyat, shunday emasmi? Qamish o‘rib olinaveradi, kelgusi yili esa ildizidan yana o‘shanday qamish o‘sib chiqaveradi. Bechora  oqibatda qanday xor bo‘lishini bilmay g‘o‘dayaveradi. Oyoq ostiga tashlanmay, tomga to‘shasalar ham baribir basharasiga loy chaplaydilar... Qismati og‘ir... ammo u yakan bo‘lolmaydi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:12:07
    Hikmat O‘rolov shunday deb iyagini qashib qo‘ydi. Shunda Anvar barmoqlarning yengil qaltirayotganini ko‘rdi. «Dardni yashirish qiyin, — deb  o‘yladi Anvar. — Xolidiyning ahmoqona gaplariga e’tibor bermay bo‘larkanmi? Domla dardini ichiga yutishga urinyapti. Yuragida bu dardni ham singdirish uchun bo‘sh joy bormikin? Domla nimaga bunday qilyapti? Andishadanmi? Andishaning otini qo‘rqoq deyishadi-ku? Indamay qo‘ygani barcha bo‘htonlarga rizo ekanini anglatmaydimi? Nahot domla buni tushunmaydi? Qachongacha indamay o‘tiraveradi? Mana shunaqa indamay qo‘ya qolish odati borligi uchun ham Xolidiy tap tortmay unga tashlangan. Qani, Mirolimga shunday qilib ko‘rsin-chi?! Yo‘-o‘q, bu shallaqidan qo‘rqadi. Stalin zamonida Mirolim ziyolilarni quritishda rosa xizmat qilgan. Xolidiy unga salgina tegib o‘tsa, o‘zi balolarga qoladi. Mirolim lo‘li xotinlarday dod solib, Xolidiyning ayblarini ochib tashlashdan ham qaytmaydi. Hikmat O‘rolov esa indamaydi... Indamay turib yengmoqchi bo‘ladi... Shularni unga aytayinmi?.. U mening nasihatimga muhtojmi? Mayli, birovga chang solmasin, ammo... hech bo‘lmasa o‘zini himoya qilsa-chi?..»
    Hikmat O‘rolov barmoqlarining titrashidan noqulay ahvolga tushdi. «Sezdimi yo sezmadimi?» degan hadikda Anvarga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. «O‘yga toldi... rivoyat ta’sir qildimi yo Xolidiyni o‘ylayaptimi? Kelgani yaxshi bo‘ldi... Halol yigit. Ko‘nglida kiri yo‘q... Shuning uchun qiynaladi. Umr bo‘yi qiynalib yashashga mahkum...»
    Uy bekasi patnisda non-choy ko‘tarib chiqib, oradagi sukutni buzdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:12:39
— Voy esim qursin, dasturxon olmabman-ku, — dedi u xijolat bo‘lib.
— Hechqisi yo‘q, malikam, — Hikmat O‘rolov shunday deb o‘rnidan chaqqon turdi-da, yozuv stolidagi gazitni olib, kursi ustiga yoydi. — Qo‘lbola  dasturxon ham bo‘laveradi, siz aziyat chekmang.
    Uy bekasi birinchi qavatga tushib ketgach, piyolalarga choy quyildi. Hikmat O‘rolov gapni chalg‘itib, maqolani eslashni xohlamasdi. Choynakning tagida Xolidiyning maqolasi chop etilgan gazit, ikkovining ko‘ngli ham, xayoli ham shu gaplar bilan band. Ammo maqola tufayli jabr chekkan odam o‘zining bu mayda gaplardan yuqori ekanini ko‘rsatishga tirishadi. Anvar esa bunga toqat qilolmaydi. U o‘zini oqlamoqchi emas,  biroq haqiqatni aytishi shart.
— Domla, men hujjatxonada rostdan ham bor edim, ammo... — deb gap boshladi Anvar. Biroq, mezbon so‘zlarini davom ettirishga yo‘l bermadi:
— Siz meni ranjityapsiz, azizim, — dedi Hikmat O‘rolov, bosh chayqab. — Shu gaplarga ishonadigan go‘l odamga o‘xshaymanmi?
— Domla...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:13:07
— Gapirmang, azizim, gapirmang. Umr bo‘yi o‘sha idoraning xizmatini qilib kelgan odam yoningizga kirib hujjat titadimi? E... uning nayranglarini ko‘raverib... Tag‘in ham «domla Inoyatulloni Hikmat O‘rolov o‘z qo‘li bilan otgan», demabdi. Shunisiga xursandman. Hamonki, shu mavzuda gap ochdingiz, bir narsani aytay: to‘g‘ri, domla Inoyatulloni qamashganda ko‘plar qatori meni ham chaqirishgan. Mendan avval Xolidiyni ham chaqirishgan. Menga uning ko‘rsatmalarini berishgan, o‘z ko‘zim bilan o‘qiganman. Mana bu yerdagi,— Hikmat O‘rolov gazitni barmog‘i bilan urib qo‘ydi, — gaplar o‘zining ko‘rsatmalari. Domlaning qo‘llariga kishan urib bergan Xolidiyning o‘zi. Siz hujjatlardagi mening imzomni ko‘rdingizmi?
— Yo‘q... qaramay chiqib ketdim. Jahl kelganda aql ketdi...
— Xijolat bo‘lmang, zarari yo‘q. Hujjatlar vaqti kelib qo‘lingizga tushsa qarab qo‘yarsiz. Men ko‘p yozmaganman. Yozganlarim aniq esimda: «Agar halol olim mingta bo‘lsa, mingdan biri domla Inoyatullo, u shu mingning oldingi qatorida turadi. Agar bittagina bo‘lsa, demak, u shubhasiz — domla Inoyatullo». Meni qiynashmadi. Boshqa so‘roqqa chaqirishmadi. Shunga to hozirga qadar hayronman. Balki men yozib bergan qog‘oz yo‘qotilgandir. Balki imzo boshqa qog‘ozga ko‘chirilgandir, bunisi menga qorong‘i. Men hali ham o‘sha fikrimda qat’iy turaman: domla Inoyatulloday olim oldida biz sariq chaqa qimmatiga ham ega emasmiz. Bunday deyishimga asos bormi? Bor. Siz ayting, azizim, bizni tarixchi olim deyish mumkinmi?
    Suhbatning bu tarzda burilishi Anvarni ajablantirdi, bunday  savolning berilishi esa o‘ylantirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:13:37
— Men sizdan javob kutyapman, azizim, — dedi Hikmat O‘rolov. — Ayting, bizni tarixchi olim deyish mumkinmi?
— Agar kecha boshqa gap aytib, bugun boshqasini da’vo qilayotganimiz nazarda tutilsa...
— Bu boshqa masala. Aytish mumkinki, bu imon masalasi. Unvonlar, ilmiy darajalar ham boshqa masala. Siz menga bir so‘z bilan javob bering: ha, yoki yo‘q! So‘ng javobingizni albatta izohlab ham berasiz.
    Hikmat O‘rolov Anvarning ko‘zlariga tikilib kulimsiradi. Anvar bu savolga aqli yetgan darajada javob bera olardi, ammo unga mezbonning asl maqsadi qorong‘u edi. Shu bois javobga shoshilmadi.
— Siz qiynalmang. O‘zim aytib qo‘ya qolay: yo‘q! Sabab: bir kuni domla Inoyatulloning uylariga borsam, zarrabinga tikilib o‘tiribdilar. Sizda zarrabin bormi? Ha, menda ham yo‘q. Xullas, bir arxeolog olim domlaga uzum danaklarini beribdi. Danakning umri salkam ming yil emish. Arxeologning aytishicha, Eski shahardagi qazilma paytida hojatxona o‘rnidan topilgan emish. Domla Inoyatullo arxeologlar bilan yaqin edilar. Siz arxeologlar bilan oxirgi marta qachon uchrashgansiz? Mening ham yodimda yo‘q. Xullas, o‘shanda: «Domla, bu sizga nima uchun kerak?» deb so‘radim. Domla: «Haqiqiy tarixchi olim shulargacha aniq bilishi  shart. Husayni uzum hozir qanday, ming yil va avval qanday bo‘lgan, ming  yil ichida tabiat qanday o‘zgarishlarni, nima sababdan boshidan kechirdi — biz bilmasak, kim biladi? Tarixiy voqealar bilan tabiatdagi o‘zgarishlar orasida uzviy bog‘lanish yo‘qmi?» Xullas, o‘shanda haqiqiy tarixchi olim — domla Inoyatullo deb ishonganman. Biz kitob o‘qib, tahlil qilib, tarix ilmini yaratyapmiz, deb kerilamiz. Bu kitoblarni bizgacha kimdir yozib ketgan. Biz foydalanayotgan adabiyotlarni arab ham, fors ham, farangimi nemismi, juhudmi yo rusmi, kim bo‘lsa bo‘lsin, yozgan. Ma’lum bir haqiqatga har biri o‘z millati foydasi nuqtai nazaridan yondoshgan va baho bergan.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:14:06
— Xuddi  shu  nuqtada  xato  yo‘lga  qadam  qo‘yganmiz, — dedi Anvar. — Biz qo‘limizga juhudning kitobi tushsa, tarix shunday edi, deb javraymiz. Nemisniki tushsa, yo‘q, bunaqa edi, deb turib olamiz. Mana, tarixga ikki xil munosabatga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Kechagina unday devdik, bugun esa bunday. Qadimda shunday hol yuz bermaganmi? Bergan... — Anvar «gaplarini bo‘lib ranjitmadimmi?» degan ma’noda mezbonga qaradi. Hikmat O‘rolov uning xavotirini sezib, «durust gapiryapsiz, azizim, davom eting», deganday jilmayib qo‘ydi. Anvar bundan dadillanib fikrini davom ettirdi: — Biz o‘sha kitoblarga qul bo‘lib yuraveramiz. Men borayinda Mirolim domlamizdan: «Temur zamonida toifi uzum bo‘lganmi?» deb so‘ray. Turgan gapki, u «Temurga uzumning nima aloqasi bor», deydi. Holbuki domla Inoyatullo yo‘lini tutgan, o‘zini tarixchi  olimman deydigan odam buni bilishi kerak ekan. Haligi aytgan rivoyatingizni qarang... biz ichi bo‘sh qamishga o‘xshamaymizmi? Bir masalaga ikki xil qarashga vijdonimiz qanday yo‘l qo‘yadi. Kechagina Mirolim domlamiz Temurni qonxo‘r, deb, Temurning salohiyatiga ijobiy baho bermoqchi bo‘lganlarni yamlamay yutgan edi. Bugun esa aksi: kim Temur jang qilgan, desa «Sen tarixga qonli ko‘ylak kiygizmoqchimisan!» deb yumdalayapti. Qizig‘i shuki, Temur haqida kecha ham shu zot asosiy hukmni chiqarar edi, bugun ham. Ba’zan hayron qolaman. Bu Mirolim deganlari, Temurning otasi uylanayotganida kuyov jo‘ra bo‘lganmi yo Temur tug‘ilganida kindigini kesganmikin?
    Bu gapni eshitib Hikmat O‘rolov qah-qah otib kulib yubordi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:14:24
— Topib aytdingiz, barakalla, — dedi u o‘zini kulgidan to‘xtata olmay.
— U domlamiz nari borsa Temur haqida to‘rt-besh kitob o‘qigandirlar. Oltinchisini topib, buni ham o‘qing, deyilsa, men bunaqasini bilmayman, deb turib oladilar. Qarang-a! U kishi bilmasalar o‘sha oltinchi kitobning yashashga haqqi yo‘q ekan. O‘sha oltinchi kitob yuz yillar davomida dunyo olimlarining diqqati markazida turgan bo‘lsa-chi? Siz kulyapsiz domla, ammo xafa bo‘lsangiz ham bir gap aytaman.
— Ayting, azizim. Bilaman, siz nohaq gap aytmaysiz.
— Siz, sizga o‘xshagan olimlar nima uchun Xolidiyga, Mirolimga maydonni bo‘shatib bergansizlar? Yanchib tashlasalaring bo‘lmasmidi?
— Yanchib... — Hikmat O‘rolov kulimsirab, bosh chayqadi. — Soyani yanchib tashlay olasizmi? Axir ular zamon g‘oyasining soyalari edilar. Siz haqiqatchi yigitsiz. Sizga o‘xshagan yigitlar ko‘p, shundan xursandman. Lekin orangizda yosh Xolidiylar yo‘qmi? Ularni yanchib tashlay olasizmi? Savolimga hozir javob qaytarmang, javobni vaqt beradi. Azizim, siz bahsni yaxshi ko‘rasiz, bilaman. Sizdan o‘tinchim bor: bugun bahslashmaylik. Undan ko‘ra, siz kelmay turib o‘qigan yana bir rivoyat bayonini aytib beray: Luqmoni hakim bilan ilon bahsini eshitganmisiz?
— Yo‘q.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:14:43
— Tinglang, ajoyib rivoyat: xullas, Luqmoni hakim yo‘lda borayotsalar bir uydan nola eshitilibdi. Kirsalar, xasta odam og‘riqlarga chidayolmay dod der emish. Tabiblar kelib, uni bugun-erta o‘ladi, deyishibdi ekan. Luqmoni hakim xastaning bilak tomirini ushlab ko‘rib debdilarki: — Dardingizga davo bor. Ilon zahri sizga shifo bergay. Xasta debdiki:— Ilon zahrini men qaydan topay? Bir bedavo bo‘lsam... Yo meni shu ahvolda tashlab ketaverasizmi? Olloh mening zorimni eshitib, Luqmoni hakimga ro‘baro‘ qilganida edi, u zot meni tashlamas edilar. Luqmoni hakim bu nolani tinglab aytibdilarki: — Zinhor tashlamasman. Xullas, hazrat Luqmoni hakim ilonzorga borib bir yoshroq ilonni bo‘g‘zidan bo‘g‘ib tutibdilar. Shunda ilon ittifoqo tilga kiribdi va debdiki: «Ey inson farzandi, sen nechun meni bo‘g‘a-yotirsan? Ollohning menga bergan jabrlari kammi edi?» «Olloh senga qanday jabrlar qildi?» deb so‘rabdilar Luqmoni hakim. «Meni ko‘rimsiz qilib yaratdi, odamlar ko‘rsalar mendan qochadilar. Meni yertuban qilib qo‘ydi, sudralib yurishga mahkum etdi. Endi sen meni bo‘g‘ib, jonimni olarsanmi?» Luqmoni hakim debdilar: «Shunday qilmasam, bir odam hayotdan ko‘z yumar». Ilon debdi: «Ajab! U odamni saqlab qolmoq uchun meni o‘ldirasanmi? Axir u ham Ollohning bir maxluqi, men ham. Bir jonni saqlab qolmoq uchun ikkinchisini mahv etmoq shartmi? Ey inson bolasi, sen ayt: men birovni chaqsam, mening zahrimni daf eta olasanmi?» Luqmoni hakim aytibdilar: «Ha, daf eta olaman». Ilon debdi: «Unda mening zahrim kuchli emas ekan. Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan!» «Qanday zahar? Qora qurtnikimi?» — debdilar Luqmoni hakim. «E, yo‘q, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar odamning zahri. Bunga davo  yo‘qtur. Odam odamni chaqsa albatta o‘lim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi.    Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘layotgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘z do‘sti chaqqan. Uning zahriga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qo‘y, u o‘laversin, azoblaridan qutula qolsin...» — Hikmat O‘rolov shunday deb xo‘rsinib qo‘ydi.
    Uning nima uchun xo‘rsinganini Anvar ertasiga fahmlab yetdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 13:22:57
3

Nima?!
Hikmat O‘rolov o‘ldi?!
Anvar quloqlariga ishonmadi.
Avvaliga «eng kichik ilmiy xodim»ni institut ostonasida ko‘rib «Ertalabdan kimni kutayotgan ekan?» deb o‘ylab, ajablangan edi. Endi bilsa, bu shumxabarni yetkazish uchun turgan ekan. Anvar hozir «nima uchun meni qarshiladi, nima uchun meni ichkariga qo‘ygisi kelmadi» deb o‘ylamadi. Buni keyinroq, jinnixonada yotganida o‘ylaydi. Hozir esa shumxabar zarbidan karaxt bo‘lib turardi.
— Kecha oqshomda to‘satdan uzilibdilar, — dedi «eng kichik ilmiy xodim». — Kechqurun uyimga telefon qilishdi. Kechasi bilan shu yerda edik, joy tayyorladik. Xayrlashish uchun shu yerga qo‘yishmoqchi ekan. Kennoyi unamabdilar. Shunga... O‘lmas aka sizdan iltimos qildilar. Borib, ko‘ndirib berarkansiz. Siyosiy masala, deyishayapti...
— Siyosiy masala?! — Anvar hamxonasining yoqasiga chang solganini o‘zi ham sezmay qoldi. — O‘lib ham qutulmasinmi?!
    «Anvar aka, o‘zingizni bosing», degan ogohlantirishdan so‘ng uning yoqasini bo‘shatdi.
— O‘zi qani, direktorchang? — deb so‘radi titroq ovozda. So‘ng javob kutmay ichkariga qarab yurdi.
    Chindan ham ertalabgacha bu yerda ancha ish qilingan edi: eshik  og‘zidagi qorovulning stoli olingan, qo‘yilganidan beri ishlatilmagan kiyim ilgichlar ham yo‘qotilgan, o‘rtaga gilam to‘shalgan, zinaning yonidagi ustunga Hikmat O‘rolovning surati osilgan, surat ostida esa qora rangli harflarda yozilgan «Berahm ajal atoqli olim, buyuk insonni bag‘rimizdan  yulib oldi», deb boshlanib, «o‘lim uni davramizdan olib ketdi, to tirik ekanmiz nomini qalbimizdan hech qanday kuch yulib ololmaydi» deb yakunlanuvchi ta’ziyanoma yopishtirilgan edi. Anvar bu satrlarni atayin to‘xtab o‘qimadi. Bir ko‘z tashlashda boshlanishiyu xotimasiga nigohi tushib eslab qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:12:02
«Eng kichik ilmiy xodim» zinadan chiqishiga yo‘l qo‘ymadi:
— Anvar aka, foydasi yo‘q.
Dastlab Anvar uni siltab tashlagisi keldi. Biroq, uning ma’yus boqib turgan toliqqan ko‘zlariga ko‘zi tushgach, shashtidan qaytdi. G‘azab iskanjasi uni bir oz holi  qo‘ydi-yu, orqasiga o‘girildi...
Hikmat O‘rolov yashagan ikki qavatli uy oldida odamlar to‘planib turishgan edi. Yo‘l chetida nasroniylarning qizil mato qoplangan tobuti, daraxtga esa gulchambar tirab qo‘yilgan, Marhumning uyiga kiraverishda esa ikki yigit yog‘och otni minishga hozirlardi— tobut atrofini oq mato bilan o‘rardi. Anvar buni ko‘rib, yig‘lab yubordi-da, yurishdan to‘xtadi. Cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, ko‘z yoshlarini artgach, asta yurib, to‘planib turgan odamlar qatoriga qo‘shildi. «Eng kichik ilmiy xodim» ham  uning yonidan joy oldi. Rahbariyatning topshirig‘ini eslatmadi.
    Yarim soatlardan so‘ng bel bog‘lagan bir yigit Anvarni imlab chaqirib ichkariga boshladi. Dahlizda uni Hikmat O‘rolovning bevasi qarshiladi.
    ... kechagina «malikam» deb erkalangan bu ayol bugun beva edi...
    Anvar uni ko‘rishi bilan yana yig‘lab yubordi. Musibatni chekintira oluvchi, dardga malham bo‘lishga qodir biron so‘z tiliga kelmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:12:31
— Yaratganning irodasi shu ekan, ilojimiz qancha... Sizni chaqirganim ...rahbarlaringizga ayting, xafa bo‘lishmasin, ularning topshiriqlarini bajara olmayman. El-yurt nima desa shu...
    Beva shunday deb yig‘i ovozi chiqib turgan xona sari yurdi. Anvar bo‘g‘zini bo‘g‘ayotgan yig‘ini qaytarishga urinib, joyida picha turdi. U xonadan bu xonaga, uydan ko‘chaga... kirib-chiqib yurgan, musibatga bandi bo‘lgan odamlar uning qotib turganiga e’tibor berishmadi.
    Anvar beixtiyor zina sari yurdi. Ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Kitobxona eshigi lang ochiq. Ichkari bo‘m-bo‘sh... Yetim qolgan yozuv stoli, kitoblar... unsiz bo‘zlashadi. Bu xonadagi faryodlar pastdagi yig‘idan baravjroq, ammo uni hech kim eshitmaydi. Dam o‘tmay pastda g‘assol murdani  yuvadi. Badandagi kir suvga qo‘shilib to‘kiladi. Bu xonaga esa tilga chiqarilmagan dardu hasratlar to‘kilib qolgan. Yurakni tirnagan, oxir-oqibat tomirlarni uzib tashlagan alamlar ham shu xonada qoladi. Endi bu xonaga ozod ruh egalik qiladi...
    Anvar ichkariga oyoq qo‘yishga botinmadi. Nazarida yumshoq o‘rindiqda Hikmat O‘rolov o‘tirganday, unga qarab jilmayib qo‘yganday bo‘ldi. Keyin uning ovozini eshitdi. Aniq eshitdi:
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:13:12
    «...Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan. «Qanday zahar, qora qurtnikimi?» debdilar Luqmoni hakim. — «E, yo‘q, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar odam zahri. Bunga davo yo‘q. Odam  odamni  chaqsa  albatta  o‘lim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib  yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi bo‘lgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni o‘z do‘sti  chaqqan. Uning dardiga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmon ham davo topmagay. Qo‘y, u o‘laversin. Azoblardan qutulsin...» Anvarning nazarida Hikmat O‘rolov bu gaplarni baland ovozda aytdi. Bu gaplarni pastdagilar ham, ko‘chadagilar ham eshitishdi...
    Anvar ostonada yana bir oz turgach, iziga qaytdi.
    «Bu ayol buncha sabotli bo‘lmasa, — deb o‘yladi u. — Shunaqa vaziyatda ham odob chegarasida qolish shartmi? Dod solmaydimi? «Erimni senlar o‘ldirdilaring, chaqib-chaqib o‘ldirdilaring! Ilon chaqsa o‘lmay qolardi, senlarning zahring jonini oldi! Keltirgan tobutlaring o‘zlaringga buyursin, o‘zlaring tushib yotlaring, rohatlanlaring!..» deb baqirsa  bo‘lmaydimi! «Sen ham shularning birisan!» deb meni-da yulib tashlamaydimi?..»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:14:33
    Anvar tashqariga chiqdi. Tanish, notanish odamlar... Achingan ham, loqayd ham, musibatga sherik ham, «o‘lgani yaxshi bo‘ldi» deguvchi ham shu  yerda. Anvarning ko‘ziga hamma — do‘st ham, dushman ham ilon bo‘lib ko‘rindi. O‘zini ulkan bir ilonxonada his etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qo‘l qovushtirib, qayg‘uga berilganday bo‘lib turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini o‘ynatib, bir hamla bilan chaqishga tayyor turgan ilonlar edi go‘yo. Sudralib yuruvchi rosmana ilonlar chaqaman, deb niyat qilmaydi, ikki oyoqli ilonlar esa fursat poylaydi. Mana shu turganlarning qay biri qachon, qay birini chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahridan tatib o‘lar ekan? Rosmana ilonlar chaqadi-yu, qochadi. Ikki oyoqlilar esa to ko‘mib tashlamagunicha tinchimaydi... Jasadni ko‘mish bilan cheklansa koshki edi, xotirasini, nomini ham ko‘mishga intilsa-chi?
    Anvarning xayoli shu gaplar bilan band, ko‘zlari esa odamlar orasidan kimnidir qidirardi. Murda olib chiqilganda ham, masjid sari yurilganda, janoza o‘qilayotganida, hatto qabrga qo‘yilayotganida ham izladi uni. «Qilgan ishidan pushaymon yedimi, uyaldimi?» degan savolga javob topa olmadi.
    Qabrga tuproq tortilgach, tanish ovozni eshitib, hayrat bilan alangladi — «Qachon paydo bo‘ldi bular?!»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:14:58
— Hurmatli o‘rtoqlar! — dedi O‘lmas Akram baland ovozda. Hamma, jumladan, to‘nkarilgan tobut ustiga o‘tirib qiroatni boshlay deyayotgan imom ham ovoz kelgan tarafga qaradi. Tuproqni ketmon bilan shibbalayotgan go‘rkov yonida O‘lmas Akram, Xolidiy, Mirolim, yana bir necha nomdor olimlar paydo bo‘lgan edilar.
    O‘lmas Akram «ilm ahlining musibatini» bayon etgach, so‘zni «marhumning yaqin safdoshi ulug‘ olim Xolidiy»ga berdi. Anvar uning «Aziz birodarim...» degan dastlabki so‘zlarini eshitdi-yu, vujudini zirillatgan g‘azab quloqlarini kar qildi, ko‘z oldiga qizil parda tortdi. U tamoman o‘zini yo‘qotdi-da:
— Munofiq! — deb baqirdi.
    Odamlar hayrat bilan unga qaradilar. Anvarni taniganlar maqsadni tushundilar. Tanimaganlar esa: «Bu yigit kimni «munofiq» deyapti, marhumnimi yo voiznimi?» — deb ajablandilar. Xolidiy esa bu hitobni eshitmaganday gapni xotirjam tarzda davom ettirdi:
— Munofiq!! — Anvar yana baqirib notiq sari sapchidi. — Uni sen o‘ldirding, hayvon! Yana aziz birodarim, deysanmi?!
    Anvar og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni nazorat qila olmas edi. Odamlar nima gapligini tushunib yetgunlariga qadar u Xolidiyning bo‘g‘ziga chang solishga ulgurdi.
    Bu manzara uzoq davom etmadi. Anvarni ajratdilar. Kimdir qo‘lini qayirib oldi.
— Sen ilonsan! Sen ichi g‘ovak qamishsan! To‘qayga o‘t qo‘yaman, ildizingni quritaman!
    Anvar jon achchig‘ida baqirar, qo‘llarini kim qayirayotgani, kim sudrab borayotganini fahm etmas edi. Dafn marosimiga to‘planganlar  ham Anvarning qo‘llarini qayirgan bu baquvvat g‘ilayning qayoqdan paydo bo‘lganini bilmas edilar.
    Xolidiy otashin nutqini tugatayotgan damda Anvarni biqinida qo‘shuv alomati bor, usti berk mashinaga zo‘rlab chiqardilar. Ustiga yengsiz uzun ko‘ylak kiydirdilar. Imom tilovatni boshlaganda mashina jinnixona sari yo‘l olgan edi.

Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:19:03
XVIII  b o b

1

    Oddiy hazil yoki kimnidir laqillatish maqsadida aytilgan gap oxir-oqibatda kimningdir joniga qasd qilinmog‘i uchun sabab bo‘lajagini barcha ham vaqtida fahm eta olmaydi. Ba’zida hatto ko‘pni ko‘rganlar ham «nahot shu gap bilan falonchini o‘ldirib ketishibdi?» deb ajablanishadi. Roviylar «aytgan so‘zim — hojam, aytmaganim — qulim» deb ekanlar. Shundanmi, hojaga aylangan gap istasa kuldiradi, istasa yig‘latadi. Xohlasa — jon beradi, xohlasa — jon oladi. Olganda ham inson bolasiga ko‘p azoblar berar, it azobini boshiga solar. O‘limga yetaklovchi boshqa hech bir yo‘lda bu qadarli azoblar yo‘qdur...
    Zohid yoqimsiz hamkasbining jig‘iga tegish uchun aytgan gapi ikki odamning jonini olib ketishi mumkinligini, oqibatda o‘zi ham og‘ir ahvolga tushib qolajagini o‘ylamagan edi.
    Kecha oqshomda prokuror uni qabul qilib, barcha gaplarini diqqat bilan tinglab, so‘ng yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngliga chiroq yoqqan edi. Zohid avvallari tashvish tikanaklari ustida yotib to‘lg‘onib chiqqan bo‘lsa, bu  kech yaxshilik umidi chirog‘ida ko‘zi qamashib uxlay olmadi. Prokurorning gaplari dam-badam qulog‘i ostida jarangladi: «Siz aytgan Asadbeklar kim, homiylari kim — bilamiz. Ular bilan hisob-kitob vaqti keladi. Arqonni uzun tashlang. Bir-ikki odamni qafasga solgan bilan ish bitmaydi. Hammasini birvarakayiga ilintirish harakatini qilamiz. Bu harakatda siz ham borsiz...»
   
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:19:52
    Bu albatta yaxshi gap. Ammo... birvarakayiga ilintirish vaqti  yetguncha ular jim turarmikin? O‘g‘irlashmasmikin, bokira qizlarning nomuslarini bulg‘ashmasmikin, zo‘rlik qilishmasmikin? Va nihoyat... o‘ldirishmasmikin? Xorij filmlariga ishonilsa, undagi jinoyatchilar, undagi odam o‘ldirishlar oldida Asadbeklar halimdekkina, odobli odamlar, deyish mumkin. Lekin arqon uzun tashlansa, ular ham o‘sha kinolardagidek, balki  undan-da battar vahshiylashib ketishmasmikin?
Zohid tunda shularni o‘yladi, prokuror bilan xayolan bahslashdi. Unga tasalli bergan narsa — prokurorning hamma narsalardan xabardorligi, jinoyatchilarga xayrixoh emasligi. Eng muhimi shu! Qolganini vaqt hal qiladi.
    Zohid tergovni davom ettirish, yanada qat’iyroq harakat qilish qasdida ishga kelgan edi. O‘sha yoqimsiz hamkasbi, yoqimsiz xabar bilan qarshiladi:
— Eshitdingizmi, kavkazliklaringizni o‘ldirishibdi, — dedi u mamnun bir qiyofada.
— O‘ldirishibdi? Kim o‘ldiradi? — deb so‘radi Zohid.
— Hammomda urish chiqibdi. Kim o‘ldirgani noma’lum.
Zohid uning gapini oxirigacha eshitmadi. Xonasiga kirdi-da, eshikni qulfladi. Joyiga o‘tirib, boshini changalladi. Boshi savollar oqimida shishib, yorilib ketay derdi: nimaga o‘ldirishadi? Kim o‘ldiradi? Kecha prokuror ularni boshqa turmaga ko‘chirishga va’da bergan edi. Bu haqda buyruq chiqarishga ulgurdimi? Va’dasi chinmidi yo qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:20:26
    Savollar behisob, javob esa yo‘q.
    Gumondagi odamlar soni ortib boradi. Hatto prokuror ham shu safda. Ammo aniq bir odamni aybdor deb ayta olmaydi.
    Zohid gumonlar, savollar po‘rtanasiga bandi bo‘lib uzoq o‘tirdi. Po‘rtana domiga tortgani sayin u o‘zini ojiz, notavon his  etardi. Nazarida, miyasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan, quvvatdan qolgan, fikrlashdan mahrum bo‘lgan edi. U go‘yo qorong‘u g‘orga kirib adashganday — na iziga qaytar yo‘lni biladi, na ro‘para-sida yilt etgan chiroqni ko‘radi. «Maqsadim nima edi-yu, nimaga erishdim? — deb o‘yladi u. — Shamol tegirmoniga ot solgan befahm Don Kixotdan nima farqim bor? Arqonni uzun tashlaganning foydasi shumi? Uzun tashlangan arqon battar chuvalashib ketmaydimi? Ko‘zi ojiz odamlarning oyoqlari bu arqonga ilashib, yiqilmaydilarmi?...»
    Zohid tortmadan ikki kavkazlikning suratini olib, tikildi. Ko‘zlarida vahshiylik uchqunlari chaqnab turgan bu odamsifat maxluqlarning o‘ldirilgani bir jihatdan yaxshi. Zohid ularning qismatiga achinmaydi. Ularning o‘limi boshqa jonlarning omon qolishini ta’minlar balki? Zohidni qiynagan narsa boshqa — ularning sirli o‘limi ko‘p sirlar ustiga parda tortdi. Endi bu pardani ko‘tarish mumkinmi? Agar ular atayin o‘ldirilgan bo‘lsalar, endi navbat kimniki?
    Zohid «ular atayin o‘ldirilgan» degan fikrdan uzoqlasha olmas edi. Avvalo devday bu ikki odamni uncha-buncha kuch yengolmas. «Petrashvili sherigi chet elga chiqarib yuborishni talab qilyapti» degan gap kimlargadir yoqmagan, shartnomada yo‘q talab ularni sergaklantirib, rejalarini o‘zgartirgan bo‘lishlari mumkinmi? Mumkin!
    Zohid uzil-kesil shu javobda to‘xtab, mayor Solievni topish ilinjida telefon go‘shagini ko‘tardi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:23:00
2

    Zohid uchun kun zulmat pardasi ostida o‘tdi. Qaysi bir ishni ixtiyor etsa boshi omadsizlik devoriga borib urilaverdi. Mayor Solievni topa olmadi. Har kuni hech bo‘lmasa bir qo‘ng‘iroq qilib ahvol so‘rovchi mayor bugun atayin berkinib olganday — qaerdaligini na uyidagilari biladi, na hamkasblari. Hamdam Tolipovni yo‘qlashni xayoliga ham  keltirmadi — hali Farg‘onadan qaytmagan deb o‘yladi. Hamdamning erta saharda qaytib, ishga kirishib ketganini, chigalning bir uchini o‘likxonalardan qidirayotganini Zohid bilmas edi.
    Qamoqxonaga borib ham Zohid tayin bir ma’lumot ololmadi: murdalar tekshirish uchun olib ketilgan. Ularni kim o‘ldirgani noaniq. Faqat mushtlashuvni boshlagan yigit ma’lum. Uni ham o‘sha zahoti boshqa qamoqxonaga ko‘chirganlar. Bu ish shaxsan prokuror nazoratida emish! Shunday bo‘lishi Zohid uchun durust edi. Chunki prokuror shaxsan nazorat qildimi — demak, bu anov-manov ishlardan emas, aro yo‘lda ham  qoldirilmaydi. Lekin... ana shu «lekin»i bor-da. Prokuror ishni chuvalamay tezroq yopish tarafdori bo‘lsa-chi? Ana shu gumon Zohidni sarosimaga soldi.
    Zohid shomga yaqin qamoqxonadagi janjalni boshlagan yigitni tergov qilayotgan hamkasbi bilan uchrashdi. Tilla halli ko‘zoynak taqqan bu  yigit tabiatan kamgap edimi yo Zohid bilan suhbatlashishni istamadimi, har nechuk savollarga qisqa-qisqa javob qaytardi. Vaqti ziq ekanini aytdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:23:59
— Men u yigit bilan gaplashishim mumkinmi? — dedi Zohid, uning qilig‘idan ranjib.
— Hozircha mumkin emas.
— Qachon mumkin bo‘ladi?
— Bu prokuratura tergovchisining savoli emas.
— Yaxshi. Siz tergov qilayotganingizda ishtirok etishim mumkinmi?
— Hozircha yo‘q.
— Siz boshlagan ish men olib borayotgan ish bilan bir yerda kesishyapti. Nima uchun buni tushunishni istamaymiz?
— Tushunib turibman. Prokuror ham yaxshi tushunganlari uchun jiddiy shug‘ullanishni vazifa qilib qo‘ydilar. Vaqti kelib, balki birgalikda ish  yuritarmiz. Hozircha sizga aytadiganim: u yigit bir qizni zo‘rlashda ayblangan. Ishi sudga oshirish arafasida ekan. Aytishicha, Petrashvili u  yigitga bir-ikki qiliq qilgan. Hammomda esa zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Yigit taekvando bilan shug‘ullangan ekan. Bo‘sh kelmagan. Petrashvili boshqalarning ham joniga tegib yurganmi, har holda, mushtlashuvga ko‘pchilik aralashgan. Mening hozircha bilganim shu.
— Demak... Sizningcha bu atayin uyushtirilmaganmi? — dedi Zohid hamkasbiga ishonchsizlik nazari bilan boqib.
— Hozircha menda bunday ma’lumot yo‘q. Agar siz bu qotillik avvaldan tayyorlangan, degan fikrda bo‘lsangiz, marhamat, isbot qilishga urinib ko‘ring, fikrlaringizni inobatga olay.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:24:12
— Yo‘q, hozircha fikrim o‘zimda tura tursin. Vaqti kelsa o‘rtoqlasharmiz, — Zohid shunday deb xonadan chiqmoqchi bo‘lganida hamkasbi to‘xtatdi:
— Siz haqingizda eshituvdim. Ugroda ishlab yurganingizda ham haqiqatparastlik qilar ekansiz. Bu yaxshi fazilat. Ammo bu sohada  faqat sizgina adolatli, sizgina haqiqatparast emassiz. Sizdan yoshim  kattaroq bo‘lgani uchun aytib qo‘yay: hamkasblaringizdan sira gumonsiramang. Gumon bilan uzoqqa bora olmaysiz. Biz  bir-birimizdan  gumonsirasak, bir-birimizga ishonmasak, xalq bizni sariq chaqaga ham olmay qo‘yadi. Shusiz ham odamlar bizga uncha ishonmaydi.
— Bunga asos bo‘lsa-chi?
— Asos hamisha ham haqiqat bo‘lavermaydi.
Zohidga uning keyingi gaplari bir oz ma’qul bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:27:39
3

    Zohid hamkasbi bilan gaplashib turganida shahar atrofidagi o‘likxonalarni bir-bir tekshirib chiqayotgan Hamdam Tolipov muddaoga yaqin kelib qolgan edi. Bu ishni u Farg‘onaga ketmay turib boshlagan, barvaqtroq qaytgani uchun yakunlab qo‘ya qolish niyatida edi.
    Yoqib yuborilgan murdaning Jamshid Sunnatullaev emasligiga ishonch hosil qilingach, o‘likxonadan egasiz murda olingan, degan qarorga  kelishgan edi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bu egasiz murda avtomobil halokatiga uchragan odamniki bo‘lishi mumkin. Shu fikr bilan ish boshlagan Hamdam bir oyning nari-berisida mashina urib yuborgan odamlar ro‘yxati bilan qiziqdi. Shahar bilan cheklanmay, atrof tumanlardan ham ma’lumot olib, shu ma’lumot asosida kasalxonalarni aylandi.
    Tog‘ yonbag‘ridagi kasalxonaga kelganida, kech kirib qolgani uchun rahbariyat uy-uyiga tarqagan edi. Hamdam o‘likxonada biror kimsa bordir, degan taxminda to‘rt qavatli binoning orqa  tomonidagi  pastak, ko‘rimsiz bino sari yurdi. Qip-qizil rangga bo‘yab qo‘yilgan eshik tepasidagi lavhaga «Begona kishilarning kirishi qat’iyan ta’qiqlanadi. Ma’muriyat.» deb yozib qo‘yilgan edi. Hamdam bu yozuvni o‘qib kuldi. «Bu yerda kim begonayu kim begona emas,— deb o‘yladi u. — O‘likxona bo‘lganidan keyin tiriklar begona-da. Undan ko‘ra «Xush kelibsiz, o‘rtoq o‘liklar!» deb shior osib qo‘yilsa yaxshiroq bo‘larkan...»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:27:53
    Eshik ichkaridan zanjirlangan edi. Hamdam astagina, odob bilan taqillatdi. Javob hayallagach, takror taqillatdi. Bir ozdan so‘ng ichkarida sharpa sezilib, zanjir tushirildi. Eshikni ochgan soch-soqoli uzun, og‘zi-burni arang ko‘rinib turgan, ko‘zlari balchiqda yotgan munchoqni eslatuvchi malla odam Hamdamga qarab kerishib, baralla esnadi-da:
— Bugun kech qolding, bratan. Bugun endi o‘lik berilmaydi, xo‘jayinlar yo‘q, — dedi.
Hamdamdagi ichki bir sezgi «shuni qo‘ldan chiqarma» dedi. Hamdam bu g‘oyibona sasga quloq berib, o‘likxona egasiga salom berib, qo‘l qovushtirdi.
— Bugun o‘lik berilmaydi, gapimga tushunmadingmi? — dedi badbashara.
Hamdam unga qarab turib: «Buncha badbashara bo‘lmasa, undan hatto o‘liklar ham qo‘rqsa kerak», deb o‘yladi. Hamdamda hushlamaydigan odamini ochiq mensimaslik odati bor edi. Ammo ishning bitishi shaytonga bog‘liq bo‘lsa, aravasi loydan o‘tgunicha unga-da ta’zim qilib turishdan toymasdi. Hozir shunday bo‘ldi: badbasharani tepib yuborishga tayyor bo‘lgani holda, mo‘minlik bilan dedi:
— Bir qarindoshimizni qidirib yuribmiz. Xudo ko‘rsatmasinu, ammo ruxsat bersangiz, bir qarab chiqsam. Yaxshiligingiz yerda qolmaydi, xursand qila-man.
— Yo‘-o‘q, — dedi badbashara, — xo‘jayin bilib qolsa, pattamni qo‘limga tutqizadi.
— Xo‘jayin qolibdimi, shu paytda. Hamshiralari bilan maishatini qilib yotibdi. Ular jonining huzurini bilishadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:28:20
    Hamdam shunday dedi-da, cho‘ntagidan nasha aralashtirib o‘ralgan papiros olib tutatdi. U badbasharaning narxni oshirish uchun yana bir oz tarang qilishini bilardi. Shu bois uni to‘la holda qo‘lga olish maqsadida papirosni baralla tutatdi. Nasha hidi dimog‘iga urilgan badbasharaning ko‘zlari chaqnadi. Hamdam bu ko‘zlardagi o‘zgarishni sezib, quvondi. «Gah desam qo‘limga qo‘nasanu tarang qilganing nimasi?» Chindan ham badbasharaning chidami uzoqqa bormadi.
— Bratan, menga ham bir torttirsang-chi, — dedi yutinib.
— Ma, tort, — dedi Hamdam, unga papirosni uzatib.
Badbashara bosib-bosib chilim tortganday huzurlandi. Ko‘zlari suzildi. Hamdam oxirigacha tortib tugatishiga qo‘ymay, qo‘lidagi papirosni oldi. Badbashara joni sug‘urilganday entikdi.
— Qarindoshing qiz bola emasmi? — dedi u yumshoq ohangda.
— Nima edi? — dedi Hamdam tutunni u tomon puflab.
— Bugun bitta qizni olib kelishdi. Ishini olib, o‘zini o‘ldirib ketishibdi. Ko‘rasanmi?
— Ko‘raman.
Ichkariga kirishdi. Qator yotqizib qo‘yilgan murdalarning oyoq tomonida, eski stol ustida yarmi ichilgan vino, kolbasa, non burdalari turardi. «Maishatini buzibman-da», deb o‘yladi o‘zicha Hamdam.
    Badbashara stolga yaqin yotgan murda tepasidagi choyshabni tortdi. O‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi go‘zal xuddi uyquda yotganday edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:29:39
— Shunday ketvorgan narsani uvol qilishibdi, — dedi Badbashara xo‘rsinib. — Ishini olibsan, o‘ldirib nima qilasan? Qara, o‘ligi ham zo‘r-a! Shu holda o‘psang ham maza qilasan. — Badbashara engashib qizning labidan o‘pdi. Hamdamning ko‘ngli aynidi. Uning gardaniga musht tushirgisi keldi. Badbashara esa qaddini ko‘tarib unga qarab tirjaydi: — O‘pib ko‘rsang-chi?
Hamdam uning bilagidan ushlab, tashqariga sudradi.
— Hoy, nimaga sudraysan meni? — dedi Badbashara.
— Gap bor, yur, — dedi Hamdam zarda bilan.
Tashqariga chiqqach, sal o‘zini bosdi. Pastak zinaga o‘tirib, yana nasha aralashtirilgan papiros tutatdi. Badbashara uning yoniga o‘tirib, najot ko‘zi bilan tikildi.
— Egasi yo‘qmi bu jononning? — dedi Hamdam unga tutun puflab.
— Hozircha yo‘q, — dedi Badbashara entikib.
— Menga sot uni.
— Qachon?
— Hozir.
— Yo‘-o‘q, hozir bo‘lmaydi. Egasi chiqib qolishi mumkin. Besh-olti kundan keyin hech kim kelmasa «ko‘mvor», deyishadi. Ana o‘shanda kelsang, boshqa gap.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:29:51
— Menga bugun kerak. Bir og‘aynimga zarur bo‘lganda sendan olgan ekan, menga tarang qilma.
— Qachon olibdi?
— O‘n-o‘n besh kun oldin. Mashina urgan odamni sotibsan.
— E, umi, u eski o‘lik edi. Ko‘mishga erinib turuvdim.
— Menga beradiganing yo‘qmi?
— Hozir yo‘q, bratan. Xafa bo‘lma.
Hamdam papirosni uning qo‘liga tutqazib, yelkasiga urib qo‘ydi:
— Ertaga kelaman, tayyorlab qo‘y.
Shunday degach, o‘rnidan turib, tez-tez yurib, uzoqlashdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:30:45
4

    Zohidga yeyayotgan lag‘moni sho‘r tuyulib, kosani nari surib qo‘ydi. Fe’li aynib turganini sezgani uchun ham xotini indamadi. Zohidga xotinining indamayotgani ham yoqmadi. U kun bo‘yi to‘plagan zahrini kimgadir sochishi kerak edi. Zahar sochish uchun esa birgina so‘z talab etilardi. Ana shu so‘z kosa surilganda «Ha, ovqatning nimasi yoqmadi?» yoki «men pishirgan ovqat keyingi paytda yoqmay qoldi o‘zi» tarzida aytilmog‘i darkor edi. Aytilmadi. Endi bunday so‘zni o‘zi sug‘urib olishi kerakmi? Kerak!
— Odam yeydigan ovqat qilsang, bir nima bo‘lib qolasanmi? — Bu — Zohidning degani.
— Odam yeydigan ovqat bo‘lmay, nima bu? — Buni xotini aytishi lozim edi. Aytmadi. Nigohini olib qochish bilan cheklandi.
— Tuz tekinmi? Chelaklab soldingmi? — Bu — Zohidning aytgan gapi.
— Tuz solganim yo‘q, peshonamning sho‘ri oqib tushdi. — Bu — xotini aytmagan gap.
Yo‘q, zahar sochishning ham imkoni bo‘lmadi. Bu kunga qarg‘ish tekkanmi, o‘z xotiniga baqirishning ham ilojini qilmadi. Zohid zahar sochishning yangi yo‘llarini izlab o‘tirganida telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlab, xotini ustiga to‘planayotgan bulutlar tarqaldi. Zohid Hamdamning ovozini eshitishi bilan yengil tortdi.
— Qachon keldingiz? Tez ko‘rishishimiz kerak, — dedi Zohid shoshilib.
— Bo‘pti, anhor bo‘yiga kel. Yaxshi gaplar bor. Erisang, aytaman, — dedi Hamdam quvnoq ohangda.
— Maqsud akamni kun bo‘yi topolmadim.
— Men hozir gaplashdim. Chaqiraymi?
— Yaxshi bo‘lardi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:31:08
    Anhor sohilidagi oshxonaning ish vaqti tugagan, faqat bir-ikkita stolda erka mijozlar maishatlarini davom ettirar edilar. Hamdam barvaqtroq kelgani uchun joy hozirladi. Uning kimligini yaxshi bilgan oshxona xo‘jayini xizmatda bo‘ldi. «Prokuraturadan nozikroq odamlar» kelishini bilgach, yanada ildamroq xizmat qildi.
Zohid kelishi bilan Hamdam:
— Ishdan gapirmay tur, o‘larday ochman, — deb ogohlantirdi-da, ikkita piyolaga aroq quydi. — Qani, oldik. Olaylik, oldirmaylik, yigit o‘lmaylik, balo ko‘rmaylik.
Hamdan piyolani bir ko‘tarishdayoq bo‘shatib, o‘ylanib turgan Zohidni asta turtdi:
— Ol, tortinma, sening hisobingdan bo‘lyapti. Zo‘r gap bor.
Zohid ham deyarli och edi. Aroq darrov ta’sir etdi.
— Ayting, o‘sha zo‘r gaplaringizni, — dedi ikkinchi piyoladan keyin.
— Oqsoqol kelsinlar, sabr qil.
Mayor Soliev ko‘p kuttirmadi. U ham uyida ovqatlanishga ulgurmagan edi. Davraga qo‘shila qoldi.
— Barvaqt qaytibsanmi? — deb so‘radi u, likopchadagi go‘shtga qo‘l uzata turib.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:31:33
— U yoqda biz qiladigan ishning o‘zi yo‘q, — dedi Hamdam. — Ish Maskovliklardan ortmayapti. Bizni dastyorlikka yuborishganmi, hayronman. Meni Pyotr Ivanovich deganiga tirkab qo‘yishdi. Qarasam, meni ishga aralashtiradigan emas. «Shunchani qamaysan» degan plan bilan kelganmi, yengil-elpi tergov qilib, ishni sudga oshiradigan. U-bu, desam, aralashma, deydi. He, dedim, onang Stalinga o‘ptirgan bo‘lsa ham, o‘zingni bos. Men ham pastu baland narsaga tushunaman. Senga dastyor bo‘ladigan ahmoq yo‘q, dastyorga muhtoj bo‘lsang, malla bolalardan qo‘shib qo‘yaymi, dedim. Ming‘ir-ming‘ir bo‘lsa ham mardligi bor ekan. Pastu balandga tushunsang, izingga qaytaver, men xo‘jayinlaringga bir nima deb qo‘yaman, dedi. Nazarimda, ular bizning borishimizdan cho‘chishdi. Bizni nazorat qilishga kelishgan, deb o‘ylashdi shekilli.
Hamdam shunday deb piyolalarga yana quyda-da, Zohidga qaradi:
— U yoqqa men emas, sen borishing kerak ekan. Haqiqat degan narsaning bunchalik bulg‘anib tashlanishini umringda ko‘rmagansan. Anqovlarni bir chekkadan terib olishib, bilgan oshlarini ichib yotishibdi.
— Qanaqa anqovlar? — deb so‘radi Zohid ajablanib.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:32:12
— Tomoshaga chiqqan anqovlar-da. Kimlardir yoqqan, o‘ldirganu juftakni rostlab qolgan. Anqovlar esa «nima bo‘lyapti ekan?» deb tomoshaga chiqqan paytda nazarga tushgan. Ijrochilar ketib, tomoshabinlar qarmoqqa ilingan. Men shuncha yurib, bir narsaga tushunmadim. Odamlarni yoqib yuborishibdi. Benzin sepib yoqishibdi. Bunaqasini ko‘z ham ko‘rmagan, quloq ham eshitmagan. O‘zbek, ayniqsa farg‘onaliklar g‘azabga minsa, «he enangdi» deb shartta kalla qo‘yadi, juda jonidan o‘tib ketsa pichoqqa yopishadi. Yigirmanchi yillardagi qirg‘inda ham odam yoqishmagan ekan. Bu qanaqasi bo‘ldi?
Mayor bu gapni eshitib, qo‘lidagi piyolani joyiga qo‘yib, stol ustini cherta boshladi.
— Qiziq gap, — dedi u o‘ychan tarzda. — Mulohaza qilib ko‘radigan gap.
— O‘ylaganda-o‘ylamaganda biz hech nima qila olmaymiz. G‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan. Biz bir-ikki o‘g‘rini ushlab, qamab, kerilib yuribmiz. Bu yoqda biz bilmagan, ming o‘ylab bir kallaga kelmagan ishlar bor ekan. Nimalargadir aqlim yetib turibdi, lekin o‘sha nimalarnidir isbot qilib bera olmayman. Isbot qila olmaganimdan keyin mening aqlimga no‘l baho! Xo‘sh, bu gaplarning foydasi yo‘q. Qorin to‘ydi, bir g‘am ketdi. Bo‘ladigan gaplardan gaplashaylik. Prokuror, dardingni ayt.
    Zohid kavkazliklarning o‘limi haqida bilganlarini, gumonlarini bayon qildi. Hamdam diqqat bilan eshitdi. Mayor Soliev stol chertish bilan ovora bo‘ldi. Zohid gapdan to‘xtab, mayorga qaradi.
— Eshituvdim, — dedi Soliev xotirjam tarzda. — Gumonlaringda jon bor. Lekin bu o‘lim tasodif bo‘lishi ham mumkin.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:32:30
— Guvohlarni yo‘qotishga kirishishgan bo‘lishsa-chi? — dedi Hamdam.
— Bo‘lishi mumkin. Unda endi kimning gali?
— Albatta o‘likxonadagi badbasharaniki, — dedi Hamdam.
— Badbashara? U kim? — deb so‘radi mayor Soliev.
Hamdam bugungi hangomalarni bir boshdan, batafsil aytib berdi.
— Agar yanglishmasam, endi ikkita guvoh qoladi. Bittasi o‘sha, yana bittasi — taksi haydovchisi. Ularni qo‘ldan chiqarmaslik kerak.
— Nima qilamiz? Qo‘riqlaymizmi? — deb so‘radi Zohid.
— Foydasi yo‘q. O‘likxonadagini qamash kerak. Taksichini qochirib yuboramiz. Buni o‘zim eplashtiraman.
— Ertalabgacha o‘ylaylik, — dedi mayor Soliev.
— Bu ham yaxshi taklif. Prokuror, endi cho‘ntakni kavla. Oshxona xo‘jayiniga salom berib qo‘y. Olmayman, deb noz qiladi-yu, ammo cho‘ntagiga besh-  o‘n tanga solib qo‘yaver. Yana qornimiz og‘rib yurmasin.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:34:47
XIX  b o b

1

    Chuvrindi Anvarni bo‘lajak safardan ogoh etgach, Elchinnikiga bordi. Kechagi ahdlashuvga muvofiq Elchin Halimjonni topib, uyida kutishi lozim edi. Har ishda aniqlikni, puxtalikni yaxshi ko‘radigan Chuvrindi bu safar ham odatiga xiyonat qilmay, aytilgan vaqtda keldi.
    Darvoza eshigi ochiq bo‘lgani uchun Elchin uning kelganini bilib, o‘rnidan turdi. Halimjon ham turib unga ergashdi. Chuvrindi o‘rnidan qo‘zg‘olmadi, o‘tirgan yerida so‘rashdi-da, Halimjonga qarab «o‘tir» degan ma’noda orqa o‘rindiqqa qarab qo‘ydi. Elchin «men ham borayinmi?» demadi. Chuvrindi unga «siz ham yuring» deb lutf qilmadi.
    Mashina o‘rnidan qo‘zg‘olgach, Chuvrindi Halimjonga ko‘zgu orqali qaradi: «Gavdasi chayir, yaxshi. Ko‘zida ma’no bor. Qaeridir Jamshidga o‘xshaydi. Shu o‘xshashlikni sezsalar, Bek akamga ma’qul bo‘lar...»
— Mening kimligimni bilasanmi? — deb so‘radi Chuvrindi, unga bir qarab olib.
— Elchin akam aytdilar.
— Unda qayoqqa borayotganimizni, kimligimizni ham bilarsan?
— Ha.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:35:05
— Asadbekni eshitgansan-a? Odamlar har xil gaplar to‘qib yurishadi. O‘sha gaplarga ishonasanmi?
— Gaplar ko‘p-ku, qaysi birini aytasiz?
— Masalan... — Chuvrindi bir oz o‘ylandi. — Masalan... odam o‘ldirishga.
— Ishonsam ham bo‘ladi, ishonmasam ham.
— Bu nima deganing?
— Ishonsa bo‘ladi, deganimki, odamlar o‘lib turibdi, yo‘qolib turibdi. Kimlardir qilyapti bu ishlarni. Asadbek qachondir...
— U senga Asadbek emas, o‘rtog‘ingmi Asadbek, deysan?! Bek aka, deb ayt!
— Xo‘p... Bek aka qachondir odam o‘ldirtirgan bo‘lsalar, bas, bo‘rining og‘zi baribir qon-da. Agar meni o‘shanda o‘ldirib yuborishganda, balki buni ham odamlar Asadbek akadan ko‘rarmidilar.
— Endi ishonmasligingni ayt.
— Ishonmasligimki, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman. Men hammaning gapiga ishonaveradigan laqma emasman.
«Durustsan, bola», deb qo‘ydi Chuvrindi.
— Agar senga odam o‘ldirishni topshirsak-chi, bajarasanmi?
— Yo‘q.
— Javob berishga shoshilma. Avval o‘ylab ko‘r.
— O‘ylasam-o‘ylamasam javobim bitta.
— Biz bilan birga bo‘lgan kishi buyruqni bajarmasa o‘yindan chiqqan hisoblanadi. O‘yindan chiqdimi, demak, u xoin. Xoinning jazosi esa...
— O‘limmi?
— Boshqa jazolar ham bor.
— Baribir odam o‘ldirmayman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:35:27
— Qiziq... agar nomusingga tegadigan ish bo‘lsa-chi, unda ham o‘ldirmasmiding?
Halimjon javob qaytarmadi. «Agar qizga yetisha olmasam ularni o‘ldiraman», deb ont ichgan edi. Ammo qasamni amalga oshirishga qudrati yetadimi, yo‘qmi — aniq bilmasdi.
— Men bir narsa so‘raganimda darrov javob ber.
— Bilmadim... Har holda o‘ldirishga harakat qilardim. Yoki...
— Nima yoki? Fikringni yashirma.
— Yoki... o‘zimni o‘ldirardim...
Chuvrindi kuldi:
— Bu yigitning gapi emas! Yigitning nomusi toptalsa o‘ch olishi shart. O‘chning sharti bir — o‘lim! O‘ch ololmay o‘zini o‘ldiradigan odam yigit emas, hajiqiz! Bilib qo‘y, bunaqa gapingni boshqa eshitmay.
    Mashina uch qavatli bino qarshisida to‘xtaganida Halimjon «nima uchun bu yerga keldik?» deb ajablanib, Chuvrindiga qaradi. Halimjon bu yerga talaba do‘stlari bilan bir necha marta kelgan, uchinchi qavatdagi yig‘ilishlarda ishtirok etgan, otashin nutqlarni eshitgan edi. Do‘stlari otashnafas nutqlardan to‘lqinlanib, qarsaklar chalishganda u taajjublangan. Bir kuni do‘sti:
— Gaplarini eshitdingmi, zo‘r u odam! — deb hayajonlanganida u:
— Bunaqa gaplarni televizorda ham, choyxonada ham ming-ming odam gapirib yotibdi. Kesakdan olov chiqqanday hovliqasan-a? Bu odaming zo‘r alkashga o‘xshaydi. Hozir bu yerdan chiqib shotirlari bilan yuzta-yuzta otadi. Gaplari esidan ham chiqib ketadi. Mingta gapirgandan ko‘ra, bitta ish qilsin, qoyil bo‘lay, — degandi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:36:01
    O‘rtog‘i esa undan ranjib: «Xalq fidoyilarini tushunmasang, bu yerga boshqa kelma», dedi. Halimjon ham: «Agar xalq fidoyilari shunaqalar bo‘lsa, xalqning sho‘ri qurigan ekan. Bu yeringga kelmadim ham, ko‘rmadim ham, kuymadim ham», deb oyog‘ini tortgan edi. O‘shandan beri bu binoga yaqin kelmayotgan edi. Hozir mashina to‘xtagandagi taajjubi shundan.
    Halimjonning qimirlamay o‘tirishini ko‘rib Chuvrindi «Tushmaysanmi?» dedi-da, pastga olib tushuvchi zina sari yurdi. Halimjon taajjubdan qutulmagan holda unga ergashdi.
    Chuvrindi Bo‘tqaning salomiga alik olib, to‘g‘ridagi eshikni ochdi. Halimjon unga ergashmoqchi edi. Bo‘tqa yo‘lini to‘sib yon eshikni ochdi.
— «Bu qanaqa joy? Shularning idorasimi? Qiziq, yuqorida boshqa gap, pastda boshqa ish. Toza topishgan ekan», deb o‘yladi Halimjon.
    Halimjonni yarim soatdan so‘ng chaqirishdi. Unga qadar xos xonada Asadbek avval Krasnoyarga borish maslahatini qildi. So‘ng Chuvrindi Halimjon haqida bilganlarini gapirib berdi.
— Oldin obdan sinash kerak edi, — dedi Kesakpolvon. — To‘g‘ri boshlab kelganing chakki bo‘libdi.
— Sinashning hojati yo‘q. Uni qarzdor qilib qo‘yganmiz. To‘g‘riso‘z bola ekan, menga shunisi yoqdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:36:21
    Chuvrindining shu qat’iy xulosasidan so‘nggina Halimjonni chaqirdilar.
    Ko‘rinishidan chayir bo‘lgan yigitning xonaga kirib kelishi, salom berishi Asadbekka yoqdi. Uning qaerinidir Jamshidga o‘xshatib yuragi g‘alati bo‘ldi.
    Halimjon o‘zi uchun notanish bo‘lgan ikki kishiga bir-bir qarab olib, «qaysi bir Asadbek ekan?» deb o‘yladi. Chuvrindi uning o‘yini o‘qiganday o‘tirganlarni tanishtirdi:
— Bek akam, — deb Kesakpolvonni ko‘rsatdi. So‘ng Asadbekka qaradi: — Haydar akam.
Halimjon jilmaydi.
— Ha, nimaga ishshayyapsan? — dedi Kesakpolvon, zarda bilan.
— Uzr, — dedi Halimjon. — Men bu kishini Bek akamikinlar, deb o‘ylabman.
— Nega shunday deb o‘ylading? — dedi Chuvrindi.
— Ko‘rinishlari, qarashlari, o‘tirishlari boshqacha. Savlatlari bor.
— Boshqacha deganing nimasi?
— Nima desam ekan... — Halimjon o‘ylanib turib Asadbekka tikildi. So‘ng Kesakpolvonga qaradi: — Siz xafa bo‘lmang, Bek aka, bu kishida boshqacha viqor bor...
Kesakpolvon g‘ijindi. Chuvrindi esa kulib qo‘ydi.
— To‘g‘ri topding. Bek akam bu kishi.
— Odam ajratishni-ku, bilarkansan, tashqaridagi akang bilan solishsang, eplaysanmi? — deb so‘radi Kesakpolvon. — Yo hebbimga o‘xshab tagiga tushib yotib olasanmi?
Halimjon uning kimni nazarda tutayotganini fahmladi-da, yelkasini qisdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:36:44
— Qo‘rqasanmi?
— Qo‘rqishga-ku, qo‘rqmayman. Lekin sinamagan odamimga bir nima deyishim qiyin. Xudo xohlasa bo‘sh kelmasman.
— O‘zingga ishonmaysanmi?
— O‘zimga ishonmasam, sizga ro‘para bo‘lmas edim.
— Hozir chiqib pachaqlab tashla, desak bajarasanmi?
— Vaziyatga qarayman. Sinash uchun aytsangiz bajarmayman. Zarur bo‘lsa, boshqa gap.
— Demak, o‘ylab ko‘rasan, shundaymi? Aqling shunaqa ko‘pmi?
— O‘zimga yetarli bordir, deyman.
— Men bilan shunday gaplashgani qo‘rqmaysanmi? Jahlim chiqsa shartta otib tashlashim mumkin-ku, a?
— Jahlingizni chiqaradigan gap aytmadim-ku? Siz so‘rayapsiz, men javob beryapman. Javobim yoqmasligini bilsam ham to‘g‘risini aytyapman. Sizga yaxshi ko‘rinish uchun boshqacha gapirolmayman.
    Asadbek Kesakpolvon bilan Halimjonning savol-javobini diqqat bilan tingladi. Javoblardan yetarli qoniqish hosil qilib o‘rnidan turgach, Halimjon gapdan to‘xtadi. Asadbek tashqariga chiqmoqchiday eshik tomon yurdi. Ammo Halimjonning yonidan o‘tayotganida keskin burildi-da, uning jag‘iga musht tushirmoqchi bo‘ldi. Sergak turgan Halimjon o‘zini chetga olishga ulgurdi. Asadbek ikkinchi marta urmoqchi bo‘ldi, bu safar ham yigit chap berdi. Kutilmaganda Kesakpolvon o‘rnidan sapchib turdi-da, uning qarshisida yashin tezligida paydo bo‘lib, tepdi. Biroq, oyog‘i mo‘ljalga yetmay, muvozanatini yo‘qotib, yiqildi. Halimjon bularning qilig‘ini tushunmay, o‘zini devor tomonga olib, mushtini tugib, himoyaga shaylandi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:37:10
Kesakpolvon o‘rnidan turib yana tashlanmoqchi bo‘lganida Asadbek uning yo‘lini to‘sdi:
— Chiranma, yetadi, — deb Halimjonga yaqinlashdi-da, yelkasiga urib qo‘ydi. — Qani, o‘tir.
Kesakpolvon mulzam bo‘lganini sezdirmaslik uchun Asadbekning qilig‘ini qaytardi: yigitning yelkasiga asta mushti bilan urib «durust» deb qo‘ydi.
Hamma joy-joyiga o‘tirgach, Asadbek Halimjonga qarab dedi:
— Sen hozircha Haydar akang bilan birga bo‘lasan. Bizning ishimiz ham nozik, ham xatarli. Biz bilan birga bo‘lsang, faqat himoyani o‘ylamay, hujumga shay turishing kerak. Bizning ishimiz faqat hujum bilan bitadi. Hozircha shuni bilsang bas. Qolganini keyin gaplashamiz. Aqling borligi yaxshi, ammo biz aytgan ishni so‘zsiz bajarishing kerak. Aql bizda ham bor. Bir ish buyurishdan oldin o‘ylaymiz biz ham. Kunimiz odam urishu o‘ldirish bilan o‘tmaydi. Endi boraver, ertaga seni o‘zimiz topamiz.
— Bek aka, yuragimni qon qilib yurgan bir gapim bor, aytib olay?
— Ayt.
— Men o‘tgan yili aeroportda tirikchilik qildim. Bilet olib-sotdim. Kassir qiz bilan chiqishib qolgan edim. Menga uydan pul kelmaydi, aravamni o‘zim tortishim kerak. Besh-o‘n so‘m ishlab turuvdim. Bir yigit «bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat» dedi. Aeroport kimga qarashini bilasiz, a? Men ham o‘shanda bildim. Agar o‘zbek kelib «bu joyga burningni suqma» desa, Xudo ursin, boshqa qadam bosmasdim. Unga bo‘sh kelishni istamadim. Yana ogohlantirdi. Uchinchi marta to‘rt kishi bo‘lib kelib urmoqchi bo‘ldi. To‘rttalasining jag‘ini yorib, keyin oyog‘imni uzdim. Bu qanaqasi, Bek aka, o‘zbek o‘z yurtida o‘z rizqini terib yura olmasa? Sizlar bilib turib nimaga indamaysiz? Siz uning yurtiga borib shunday xo‘jayinlik qila olasizmi? Bir kun... yo‘q, bir soat ham qo‘yishmaydi.
— Bo‘ldi, tushundim maqsadingga. Har ishning vaqti-soati bor. Hozir ular bilan olishishning vaqti emas. To‘g‘ri, urinsak, ularga bemalol kuchimiz yetadi, lekin ularni suyab turgan tog‘ bor. Buni o‘zing keyinroq tushunib olasan.
Asadbek gap tamom, degan ishora qilgach, Halimjon chiqdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:42:06
2

    Asadbek Krasnoyarga nima maqsadda ketayotganini aytgach, Jalil «men ham boraman» deb qoldi. Aslida Asadbek uni mazkur safarga taklif etmoq uchun uyiga borgan, «to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytsam, bobillab bermasin», deb gapni uzoqdan boshlagan edi.
    Tayyora yerdan ko‘tarilgach, uning birga ketayotganidan quvondi. Harholda, bu safar bolalik xotiralari bilan bog‘liq. Bolalik xotiralari Jalilsiz to‘kis bo‘larkanmi? Jalil ham, Asadbekning o‘zi ham otasini yaxshi eslashmaydi. Urushga ketayotganida go‘dak edilar. Qaytgach esa, uzoq vaqt birga bo‘la olmadi. Diydoriga to‘ymay yana ayirdilar.
    Otasi o‘lmagan kim bor... deganlaridek, hamma ham qachondir yetim qoladi. Ammo ota diydoriga to‘ymay yetim qolishning armoni bo‘lakcha. Ota qabrining bo‘lmasligi yana yomon... Nihoyat bir yomonlik chekinganday bo‘ldi. Uzoq yerlarda bo‘lsa ham qabr mavjud ekan. Asadbek shunga shukr qilib boradi.
    Tayyora bekasi yo‘lovchilarni shirin suv bilan siylagach, Jalil cho‘ntagidan qog‘oz chiqardi-da, pichirlab o‘qiy boshladi. Asadbek uning qayta-qayta o‘qishidan nimanidir yod olayotganini fahmladi. Hozir u suhbatlashib ketishni istayotgan edi. Shu bois
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:42:37
Jalilning bu tarzda o‘tirishiga uzoq toqat qilolmadi:
— Nima o‘qiyapsan?
— Janoza duosini yodlayapman, — dedi Jalil, qog‘ozdan ko‘z uzmay.
— Shu paytda yodlaging kelib qoldimi?
— Yetgunimizcha yodlab olishim kerak. Adangga janoza o‘qiymiz. Domladan so‘radim, keyin o‘qisa ham bo‘larkan. Hoynahoy sen qabrga gul qo‘yarsan, musulmonchilikka sening aqling yetmaydi.
    Chindan ham aqli yetmadi. Buni o‘ylab ham ko‘rmabdi. Murdani ko‘chirishni istabdi-yu, bu xayoliga kelmabdi. Murdani ko‘chirish ham orzuligicha qoldi. Chuvrindi Sobitxon qoriga uchrab, maslahat solganida u qat’iy ravishda «bezovta qilmanglar» dedi. Agar Sobitxon qori «ko‘chirib ko‘minglar» deb fatvo berganida Chuvrindi ham otasining jasadini qabristonga ko‘chirmoqchi edi. Qoridan qat’iy rad javobini olgach, o‘z dardini dasturxon qilib o‘tirmadi. Hozir ikki do‘stning qisqa suhbatini eshitib, yana o‘z otasini esladi. U «men ham janoza o‘qitib qo‘ysam bo‘larkan», deb o‘yladi-yu, buvisining:«Kuta-kuta to‘rtinchi yili bolamga aza ochdik, bobong masjidga chiqib yo‘q o‘likka janoza o‘qittirdi», degan gaplari yodiga tushdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:43:01
    «Janozani-ku, kech bo‘lsa ham o‘qitishgan-a, ko‘mish-chi? Kafanlab ko‘mishganmikin? Yo qo‘rquvda, shoshilinchda ikki buklab ko‘mib qo‘ya qolishganmikin?» Shu fikr xayoliga keldi-yu, onasidan, tog‘asidan, uning otasidan yanada battar nafratlandi. «Bek akam bir armondan qutulyaptilar. Otalarining so‘nggi makonini topadilar. Qabrda yotgan otalari bilan xayolan bo‘lsa ham gaplasha oladilar. Men-chi? Men qayoqqa boraman? Qanday gaplashaman? Yig‘lagim kelsa qaysi qabrning tepasiga borib yig‘layman? Bek akam-ku, otalarini oz bo‘lsa ham ko‘rganlar. Quchganlar, o‘pganlar... Men-chi?.. Na ota hidini bilaman, na ona isini... Bek akam o‘ch olishga ulgurdilar, picha bo‘lsa-da, xumordan chiqdilar. Men-chi? Kimdan o‘ch olaman, o‘sha chollardanmi? Umr bo‘yi qo‘rquvda, titroqda yashagan bu chollarni o‘ldirib nima baraka topdim? Sirlari oshkor bo‘lganini bilib, o‘lmay turib o‘lishdi, pichoqsiz so‘yilishdi...»
    Boshini suyanchiqqa qo‘yib, ko‘zlarini yumib olgan Chuvrindi mana shularni o‘ylardi.
    Asadbek yana bir gap aytsa, Jalilning portlab ketishi mumkinligini bilib, jim bo‘la qoldi. Begona odamlar orasida Jalilga ortiqcha gap aytgan odamning sharmanda bo‘lishi tayin.
«Mayli, duosini yodlayversin, janoza o‘qigisi kelsa, o‘qisin. Domla o‘qish kerak, deb bejiz aytmagandir. O‘qib qo‘ygani durust. O‘qimasa nima bo‘larkin? Jannatga tushmasmikin? Nega tushmaydi? Bu dunyoni azob bilan o‘tqazgan, birovga yomonlik qilmagan bo‘lsa?.. Gunohni qilib yura-yura o‘lganida janoza o‘qib qo‘yilsa, to‘g‘ri jannatga tushaversa?.. Qiziq...»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:43:34
    Asadbek, garchi mahallasidagi masjid qurilishiga homiylik qilayotgan bo‘lsa-da, islom ilmi, shariat hukmi degan tushunchalardan nihoyatda yiroq edi. Uning nazarida marhum lahadga qo‘yilishi bilan to‘g‘ri jannatga yoki do‘zaxga yo‘l oladi. Asadbek qiyomat, undagi hisob-kitob, nomai a’mol, Rasullullohning shafoati kabi gaplarni eshitmagan, eshitgan bo‘lsa ham uqmagan bandalardan edi. Shu sababli otasiga jannatdan joy tayin etish uchun janoza o‘qib qo‘yish albatta zarur, degan qarorga keldi. Shunga aqli yetgan do‘stini quchib olgisi keldi. Lekin bunga jur’at etmadi.  Chunki u Asadbek, do‘sti esa Jalil, ya’ni ikkovi ohanraboning ikki qutbi edi.
    Shu onda kuragida qattiq og‘riq turib, ingrab yuborganini o‘zi ham sezmadi. Ko‘zlari yumuq bo‘lsa-da, o‘zi ziyrak yotgan Chuvrindi boshini ko‘tardi.
— Bek aka, nima bo‘ldi? Mazangiz qochdimi?
— Kuragim shamolladimi, deyman. Sanchiq turdi. Ezib qo‘ysang-chi...
Asadbek shunday deb engashdi. Chuvrindi uning yelkalarini uqaladi. Og‘riq zo‘rayib, Asadbek qaddini rostladi.
    Chuvrindi tayyora bekasini chaqirib, suv so‘radi. Asadbek suv ichgach, suyanchiqni tushirib, og‘riyotgan kuragini tirab yotdi.
    Krasnoyarga yetganda tayyora tog‘day bo‘lib turgan qo‘ng‘ir bulutlar orasini yorib kirib, titray boshladi. Yo‘lovchilar o‘zlarini tayyorada emas, shag‘al yotqizilgan yo‘lda ketayotgan eshak aravada xis qildilar. Xasta odamlarning dardi qo‘zib, tayyora bekasi tinchini yo‘qotdi. Tayyora barchani behalovat qilib qo‘ydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:44:13
    Shahar osmonini bulut qoplagan, salqin shamol esib turardi. Bir necha soat ilgari jaziramadan noligan odamlar endi salqinda qunishib turishardi.
— Asad, — dedi Jalil junjikib, — bitta taksi to‘xtatib, boradigan joyimizga jo‘navoraylik.
Asadbek unga qarab «xo‘p», deb kulimsirab qo‘ydi. Ko‘nglidan esa boshqa gap o‘tdi: «E nodon bola, sen Asadbekni kim deb yuribsan? Hammaga o‘xshab xurjunini osiltirib, taksiga qo‘l ko‘tarib yursa Asadbek bo‘larmidi? Dunyodan go‘lligingcha o‘tasan shekilli, sen bola. Hozir «bu yerlarda taksi bo‘lmaydi, yayov ketamiz», desam ishonarmikinsan? Ke, qo‘y, yana shallaqiliging tutib qolmasin...»
    Jalilning chindan ham soddaligi bor edi. Sodda bo‘lmaganida og‘aynisining ko‘zga ko‘rinmas, ammo o‘ziga xos kichik bir mamlakat podshosi ekanini, bunday podshohlik har bir yurtda mavjudligini fahm etgan bo‘lardi. Rosmana yurt egalarining bordi-keldilari, rasmiy kutib olish, muzokaralaridagi as’asayu dabdabalarni televizorda hamma ko‘radi. Pinhoniy yurtchalarning podshochalari uchrashuvida ham izzat-e’tibor zo‘r bo‘ladi, pinhoniy yurtchalarning bu ishlari ham pinhoniy kechadi. Katta mamlakat rahbari boshqa mamlakatga borishdan avval o‘nlab, balki yuzlab mutaxassislar o‘zaro uchrashib, ko‘riladigan masalani tayyorlaydilar. Xuddi shu kabi Chuvrindining yigitlari ham bu yerga uch kun avval kelishgan, Bek akalarini lozim darajada kutib olish tadorigini ko‘rishgan. Shubhasizki, Jalil bundan bexabar, shu bois ham taksiga tushish istagini bildirgan edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:45:04
    Yo‘lovchilarning aksari jomadonlarini olmoq uchun yukxonaga qarab yurdilar. Ular esa tayyoragohning keng zaliga burilib, yo‘lni tashqari maydon sari oldilar. Chuvrindi bu yerga avval ham bir-ikki kelgani uchun qayoqqa yurishni yaxshi bilardi. Zalni kesib o‘tib, ko‘chaga chiqay deyishganda ust-boshi uringan, ko‘zlari hadik bilan olazarak boquvchi askar yigit Jalilga yaqinlashib, o‘zbekchalab salom berdi.
— Ha, ukam, xizmatlar qalay? — dedi Jalil, salomga alik olgach.
— Juda zarur gapim bor, — dedi yigit, atrofiga alanglab olib.
Jalil to‘xtadi-da, «nima gap?» deganday orqasiga o‘girilgan Chuvrindiga:
— Hozir orqalaringdan yetib olaman, — dedi.
— Ko‘chada turamiz, hayallamang, — dedi Chuvrindi.
— Ha, ukam, pul-muling tugab qoldimi? — deb so‘radi Jalil yigitdan.
— Juda zarur gap bor, yuring, yo‘q demang, iltimos. Do‘ppingizni ko‘rib, Hizir buvani ko‘rganday quvonib keldim oldingizga, — yigit shunday deb yo‘l boshladi.
    Jalil: «Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku, bola paqirning ishi chatoqqa o‘xshaydi», deb unga ergashdi. Askar yigit yo‘l osti yo‘lagi orqali yurib yuk saqlanadigan xona ortiga o‘tdi. Nimqorong‘i burchakda yana ikki askar yigit o‘tirardi. Ular o‘rinlaridan turib salom berishdi. Ularning zaif, titroq ovozlari ahvollari nochor ekanidan dalolat berardi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:45:18
— Senlarga nima bo‘ldi, nimaga bu yerda biqinib o‘tiribsanlar? — dedi Jalil ajablanib.
— Ikki kundan beri shu yerdamiz. Ochmiz. Uyga ketolmayapmiz.
— Nima balo, qochdilaringmi?
— Qochdik... Boshqa iloj qolmadi. Qochmasak o‘lardik.
— Nega?
— Farg‘onada o‘zbeklar turklarni qirgan ekan. Shundan beri «uzbek basmach» deb bizga kun berishmaydi. Turtkilashadi, urishadi, «vahshiy itsanlar» deb haqorat qilishadi.
— Komandirlaringga aytmaysanlarmi?
— Aytdik. «Qo‘limizdan hech nima kelmaydi» deyishdi. Qo‘shni qismda bir bolani urib o‘ldirishdi. Uch kun oldin bizni yomon urishdi. Anavi og‘aynimning ko‘kragiga tepishibdi. Qovurg‘asi singanga o‘xshaydi. Og‘rig‘iga chiday olmayapti.
Yigit shu so‘zlarni aytib, umidvor ko‘zlari bilan tikildi.
— Bizni tashlab ketmang, amaki, yordam bering, — dedi ko‘kragini ushlab o‘tirgan askar zaif ovozda.
— Gapingni qara, ukam, senlarni tashlab qayoqqa ketaman. To‘xta, nima qilishni o‘ylab olay.
O‘ylagani bilan tayinli fikrga kelolmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:45:42
— Patrulning qo‘liga tushsak, hammamiz ketamiz, — dedi boyagi zorli ovoz.
— Yig‘lama, ukam, har qanday sharoitda ham yig‘lama, sen erkaksan, erkakka o‘xshab gapir. Endi gap shu: qimirlamay turlaring. Sheriklarim bilan maslahatlashib kelaman.
— Kechadan beri ikki kishi shunday deb ketdi, — dedi boshlab kelgan yigit.
— Menga qara, ukam, men unaqalardan emasman. Do‘ppimni ko‘rib ishonib keldingmi, endi shu ishonchingda tur.
    Jalil shunday deb tez-tez yurganicha iziga qaytdi.
    Ko‘chada Asadbek bilan Chuvrindi kulrang kostyum kiygan, qizil galstuk taqqan, ko‘rinishi kibor, qirq yoshlardagi bir odam bilan gaplashib turardilar. Jalil yaqinlashishi bilan Asadbek uni «qadrdon do‘stim», deb tanishtirdi. Kibor esa soxta jilmayish bilan unga qo‘l uzatdi-da:
— Kozlov, Aleksey Petrovich, — deb o‘zini tanitdi.
— Shu yerlik qadrdonlardan, — deb izoh berdi Asadbek.
— Asad, jiddiy gap bor, — dedi Jalil, uning izohiga e’tibor bermay.
— Keyinroq gaplashsak bo‘lmaydimi? — dedi Asadbek noxush tarzda.
— Yo‘q, eshit, — Jalil shunday deb ko‘rganlarini bayon qildi. — Tashlab ketsak bolalar uvol bo‘ladi. Ahvolini ko‘rsang, yig‘lab yuborasan. Yur, o‘zing borib ko‘r ularni.
Asadbek «buyog‘i qandoq bo‘ldi?» deganday iyagini qashidi. So‘ng Chuvrindiga qaradi:
— Mahmud, borib kela qol. Pul-mul ber.
— Odammisan o‘zing! — dedi Jalil zarda bilan. — O‘zing borsang, moyaging uzilib tushadimi?!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:46:43
— Baqirma. Nima kerak bo‘lsa Mahmud eplashtiradi. Sendan bitta iltimos, bu odam oldida bilib muomala qil, sharmanda bo‘lib ketmaylik. Uyda har qanday zardangni, so‘kishingni ko‘taraman. Bu yer o‘rni emas. Izzatni bilish kerak.
Kozlov ularni muhim bir narsa tashvishga solayotganini sezib, gapga aralashdi:
— Asad, nima gap, ayt menga?
Asadbek Jalildan eshitganlarini qisqa holda bayon qildi.
— Mahmudning borishiga hojat yo‘q. O‘sha yigitlarni uchirib yuborish kerakmi? No‘ problem! — Kozlov shunday deb to‘rt-besh qadam narida turgan basavlat yigitlar sari yurdi-da, ularga nimadir deb uqdirdi. Ulardan ikkitasi shu zahoti ichkariga qarab yurdi. Kozlov esa Asadbek yoniga qaytdi: — Shu samolyotda uchirib yuborishadi. U yoqda kutib olishni tashkil qilish kerak. Patrul u yoqda ham bor.
— Telefon qilib deputatga tayinlayman, — dedi Mahmud Asadbekka qarab. Asadbekning peshonasi tirishdi:
— Kerakmas. Uning g‘alva ko‘tarishga bahona topolmay yuradi. Haydarga ayt. Bolalarni kutib olib, uy-uyiga yetkazsin. — Asadbek Jalilga qaradi. — Ko‘ngling o‘rniga tushdimi?
— Men kuzatib kelay. Har holda... ishonchlimi bularing?
— Maydalashma. Biz sening hukumatingga o‘xshab ikkita gapirmaymiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:47:14
    Ular Kozlovning taklifi bilan mashinalarga o‘tirdilar. Jalil taksi haqidagi gapini eslab, «Bularni ham o‘zimga o‘xshagan odam debman-da», deb soddaligidan kulib qo‘ydi.
    Ularni shahar tashqarisidagi o‘rmon bag‘riga joylashgan xos mehmonxonaga olib bordilar. Daraxtlar panasidagi ikki qavatli yog‘och uy uncha ko‘zga tashlanmas edi. Uyning orqa tomonidagi qizlar bilan gavjum bo‘lguchi hovuz havo salqinligi tufayli bugun bo‘sh. Shodon qiyqiriqlar ham eshitilmaydi. Uy yog‘ochdan bo‘lgani bilan ichkarisi shohona bezatilgan edi.
— Yog‘och uyga olib keldi, deb ensang qotdimi, Asad, — deb kuldi Kozlov. — Uy pishiq g‘ishtdan. Ekzotika uchun old tomoniga yog‘och qoplatganman. Rusning uyi ekani bilinib tursin.
Mehmonxonada zo‘r ziyofat uchun hozirlik ko‘rib qo‘yilgan edi. Kozlov ko‘rsatgan o‘rinlarga o‘tirishgach, Jalil kolbasa solingan likopchani Asadbek tomonga surib qo‘ydi. Uning bu harakati Kozlovning ziyrak nigohidan chetda qolmadi.
— Cho‘chqa yemasliklaringni bilaman. Bu yerdagi hamma narsa mol go‘shtidan, yeyavering, — dedi u kulimsirab.
— Baribir cho‘chqa yog‘i solinadi, — dedi Jalil bo‘sh kelmay.
— Qiliq qilmay, ana qaynatilgan go‘shtdan yeyavermaysanmi? — dedi Asadbek achchiqlanib.
— Go‘sht ham yemayman. Shu kolbasa kesilgan pichoqda kesishgan. Baribir harom.
— Kechagina aroqni bo‘kib ichib, do‘ppingga qusib yuruvding. Endi haromni ajratadigan bo‘lib qoldingmi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:47:59
— Sen o‘zingni bil, — Jalil shunday deb bir burda non sindirib og‘ziga soldi. — Men senga o‘xshab ziyofat yeb o‘rganmaganman. Non ham bo‘laveradi.
— Nonni ham shu pichoqda kesishgan.
Bu gapni eshitib Jalil chaynagan nonini yutishni ham, tashlashni ham bilmay qoldi.
— Yut, yutaver, sendaqa mulladan o‘rgildim.
Asadbek shunday degach, ajablanib qarab turgan Kozlovga izoh berdi:
— Oshnam mullalardan. Tandirdan kechagina uzilgan xilidan.
Kozlov buni hazil deb tushunib kuldi.
    Davrada Kozlovning yigitlaridan hech biri ishtirok etmadi. Ovqatlanib bo‘lishgach, yumshoq o‘rindiqlarga o‘tib o‘tirishdi.
— Sen, Asad, anarxist ekansan. Gorbach hammaga demokratiya berdi-yu, qayta qurish senga yetib bormabdi. Yigitlaring hech bir narsani o‘zicha hal etolmaydi. Vinoni tsisternada yuborishni tashkil qilinglar, desam, avval Bek akamdan so‘raylik, deydi. Zo‘r pushkalar bor, desam...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:48:15
    Gap shu yerga kelganda Asadbek yo‘talib qo‘ydi-da, Chuvrindiga qaradi. Bu qarashning ma’nosini tushungan Chuvrindi Jalilga gap aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, ammo ulgurmadi. Jalil o‘rnidan turdi-da:
— Yo‘talni ham ezvording. Yo‘talishni bilmasang, o‘zingni qiynab nima qilasan, chiqib hovuzda cho‘milib kel, degin, yomg‘irda cho‘milishning mazasi boshqacha bo‘ladi, — deb eshik sari yurdi. Chuvrindi yolg‘iz o‘zining chiqishi noqulay bo‘lmasin, deb ergashgan edi, Jalil orqasiga o‘girilib, to‘ng‘illadi: — Menga dumning keragi yo‘q. Gaplaringni gaplashib olaverlaring.
— Jalil mening eng qadrdon do‘stim. Lekin bizning ishlarimizdan nihoyatda uzoq. Uning hayoti boshqa, — dedi Asadbek.
Asadbekning «eng yaqin do‘stim bo‘lsa ham uning oldida sir aytma», demoqchi ekanini Kozlov tushundi.
— U qaerda ishlaydi? — deb so‘radi Kozlov.
— Aniq bilmayman, qaerdadir ishchi.
— Yoningga olmagan ekansan-da?
— Bunaqa o‘jar dunyoda bitta. U bu dunyoda halol mehnat bilan kun ko‘rish mumkinligini isbot qilmoqchi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:48:48
— Oshnang bitta emas, bunaqalar hammayoqda to‘lib-toshib yotibdi. Gorbach aytyapti-ku, hamma narsani o‘z nomi bilan aytish kerak. Bularning nomi — AHMOQ! — Kozlov shunday deb kuldi. — Xullas, yigitlaring keldi-yu, ketdi. Hech nima hal bo‘lmadi. Men sizlardan xafa emasman. Oramizdagi ish puxta, halol bo‘lyapti. Lekin bir yigiting bizni go‘l qilib ketdi. Esingdami, sen uni o‘n yilcha oldin yuborgan eding. Qarab turdik, xor qilmadik. Lekin ketishda hammamizga tupurib, ancha narsani o‘marib ketibdi. Orqasidan odam yuboray dedimu, senga malol kelmasin, dedim.
Chuvrindi gap Shilimshiq haqida ketayotganini bilib, suhbatga qo‘shildi:
— Aleksey Petrovich, odam yubormaganingiz yaxshi bo‘libdi. U tinchidi. Xizmatiga yarashasini oldi.
— Yigitlarga tayinlab qo‘yish kerak: bunaqa qiliq jazosiz qolmaydi. Men bu yerda yashaganim bilan qo‘limni uzatsam O‘zbekistonga, kerak bo‘lsa undan nariga yetadi, shunday emasmi, Asad?
Kozlovning keyingi gapi Asadbekka sal malol keldi. Shu bois gapni boshqa yoqqa burdi:
— Yaxshi. Takliflaringni ayt. Sisternani o‘ylab ko‘ramiz.
— Pushkadan olinglar. Ortiqchasi zarar qilmaydi.
— Hozircha yetarli, bor.
— Asad, sen ertani ko‘rmayapsan. Ertaga yetarli bo‘lmay qoladi. Zo‘rlari bor. Senga ilinyapman. Xitoy tomondan qora dori...
— Yo‘q, — dedi Asadbek qat’iy, — bu ishlarga o‘zing ham aralashma, bizni ham aralashtirma.
Asadbekning kuragida og‘riq qo‘zg‘alib, aftini bujmaytirdi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi Kozlov.
— Kuragimni shamollatdim shekilli, — dedi Asadbek.
— No‘ problem! Moment tuzatamiz. Tur o‘rningdan. Bunaqa kasalning davosi massaj!
Kozlov uni ikkinchi qavatdagi yotoqxonaga boshladi. Dam o‘tmay u xonaga oq shoyi xalat kiygan xushbichim qiz kirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:49:45
3

    Kozlov aytgan massaj foyda bermadi, aksincha og‘riqni zo‘raytirib, isitma chiqardi. Borajak manzillari Krasnoyardan qariyb to‘rt yuz chaqirim narida edi. Kozlov mehmonlarni urintirmay olib borib kelish choralarini ko‘rib qo‘ygan bo‘lsa-da, Asadbekning ahvolini bilib, «safarni kechiktirsakmikin?» dedi.
— Piyoda yurmasam, yelkamda bir qop yuk bo‘lmasa, mashinada boramizu kelamiz, — dedi Asadbek, o‘zini jilmayishga majburlab.
Bu jilmayish niqobi ostida og‘riq azoblari yashirin ekanini barchalari sezdilar.
Asadbek go‘dak emaski, uni avrab, nasihat qilib yoki aldab ko‘ndirish mumkin bo‘lsa.
— Yo‘lda kraykomning statsionari bor. Birrov kirib chiqamiz, — dedi Kozlov mulohazalarga yakun yasab.
    Kozlov «statsionar» deb atagan joy kasalxonani emas, shohona dam olish uyini eslatardi. Eng kamida raykomning ikkinchi kotiblarigagina nasib etuvchi bu koshonaning kattalari Kozlovni yaxshi tanir edilar. Uning birgina imosi bilan Asadbek atrofida parvona bo‘la boshlashdi. Asadbek bu yerga kirishda «isitmamni o‘lchab dori berishar», deb o‘ylagan edi. Qon tarkibini tekshirishdan tortib yurak urishigacha tekshirildi, hatto rentgen xonasiga ham kirib chiqdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:50:09
— Bu yer shunaqa «TO-2»1, — dedi Kozlov kulib.
Tekshirishlar tugagach, Kozlovni izzat bilan kutib olgan kishi uni chetga tortib, dedi:
— Bu oddiy shamollashga o‘xshamay turibdi. Emlab qo‘ydik, isitmasi tushadi. Ammo kechga borib yana ko‘tarilishi mumkin. Uch-to‘rt kun shu yerda yotsa, yana yaxshilab tekshirib, uzil-kesil bir xulosaga kelar edik.
— Hozir bir joyga ketyapmiz. Qaytishda kiramiz. Har holda, ertaga qaytsak kerak. Bitta lyuksni tayyorlab qo‘yavering. Doridan bering, isitmasi ko‘tarilsa o‘sha yerda hamshira topilar.
Yarim soatlardan so‘ng dori ta’sir qilib, Asadbek o‘zini yengil his etdi. U oldingi o‘rindiqda, suyanchiqni pastlatibroq yotib borardi. Ko‘zi ilinib o‘n-o‘n besh daqiqa mizg‘idi-yu, uyg‘onib, o‘zini avvalgidek tetik sezib, qaddini ko‘tardi.
— Qalay? — dedi Kozlov, uni yelkasidan ushlab. — Tuzukmisan? Ranging yaxshi.
— Dardni bergan Olloh shifosini ham o‘zi beradi, — dedi Jalil Asadbekning o‘rniga javob qaytarib.
— Umuman, to‘g‘ri gap aytding, — dedi Kozlov, — Xudo xohlamasa Xristos2ning jiyani bo‘lsang ham hech nimaga erisha olmaysan. Men buni amalda ko‘p sinaganman. Men Xudoga ishonaman, lekin ibodat qilmayman, shunisi chatoq. Bilasanmi, Jora...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:50:28
— Men Jora emasman.
— Jora bo‘lmasang Jenyadursan?
— Men Jalilman. Otam rahmatli shunaqa ism qo‘ygan, — dedi Jalil o‘jarlik bilan.
— Ha, Jalil, uzr, esimdan chiqibdi, —dedi Kozlov kulimsirab, — Asad, shu o‘rtog‘ing menga yoqdi. To‘g‘ri odam ekan. Bunaqa odamni Gorbachga ro‘para qilish kerak. Qani bir qayta qurib ko‘rsin-chi...
— Og‘aynimning ko‘nglida kiri yo‘q, gaplaridan xafa bo‘lma, — dedi Asadbek uning hazilidan kulib.
— Xafamasman, chin aytyapman. U menga yoqdi. Shunaqa odam bilan razvedkaga bemalol borishim mumkin.
— Men esa bormayman, — dedi Jalil.
— Nimaga endi? Yashirmay aytaver, nimaga?
— Sizlar pulga o‘rgangan odamsizlar. Do‘ppi tor kelsa sheriklaringni ham ikki pulga sotib yuborasizlar.
— Yo‘-o‘q, — dedi Kozlov jiddiylashib. — Shu yerda yanglishding. Hammani ham sotavermaymiz.
Asadbek boshlanayotgan bahsdan latta isi kelayotganini sezib, suhbatga aralashdi:
— Aleksey, sen boshqa narsa demoqchiyding. Gapni burvording?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:51:01
— To‘g‘ri tanbeh beryapsan. Men aytmoqchi edimki, kim bo‘lsa bo‘lsin, musulmonmi, xristianinmi, buddistmi — Xudoga sig‘inadi. Lekin bir-birini tan olmaydi. Shunisiga ajablanaman. Mana, Jalil, bizlarni tan olmaysanlar, a? Nima derdinglar?
— Qaysi ma’noda?
— Boshqa dindagilarni.
— Ha... — Jalil bir oz o‘ylanib, so‘ng javob berdi. — Kofir deymiz.
— Esladim. Aynan kofir deysan. Xo‘sh, nimaga? Axir men ham yakka Xudo deyman, sen ham. Qani javob ber.
    Jalil bu xildagi bahsni, bunaqa qiyin savolni kutmagan edi. Islom ilmining alifbosini ham bilmaydigan odam uchun boshqa din vakili bilan bahslashish oson emas. Asadbek kecha hazil bilan bo‘lsa-da, to‘g‘ri aytib edi. Tag‘in ham Asadbek uni ayadi «chala mulla» desa yanada aniqroq baho bergan bo‘lardi.
    Jalil shu topda javobga qiynalsa ham, chala mullaligini oshkor qilgisi kelmadi. Chunki bahsga chorlayotgan odamning diniy ilmi battarroq chala ekanini bilib turardi. Jalil «shu chalaga gapimni berayinmi endi», degan fikrda mullalardan eshitganlarini eslab, javob berdi:
— Kofir deganmizning boisi shuki, Xudo degan bilan ish bitmaydi. Xudo deb turib haromdan qaytmaysizlar. Aroq ichasizlar, to‘ng‘iz go‘shti yeysizlar, zino qilasizlar...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:51:31
— Shuning o‘zimi? — dedi Kozlov.
— Bu kammi? — dedi Jalil.
— Yaxshi. Bu narsalar sizlarning kitobingizda harom qilingan. Biznikida harom qilinmagan. Xo‘sh, bunga nima deysan?
— Qur’oni karim oxirgi kitob. Olloh bandalarini haromdan qaytarish uchun bu muqaddas kitobni tushirgan. Butun inson bolalarining shu oxirgi kitobga bo‘ysunishi shart.
— Itoat etmasa-chi?
— Itoat etmasa kofir bo‘ladi, qiyomatda do‘zaxda yonadi.
— Demak, men do‘zaxda kuyaman, sen esa jannatda mazza qilasan, shundaymi?
— Buni Olloh biladi.
— Yo‘q, bu gap bilan mendan qutula olmaysan. Sen o‘z gapingni ayt.
— Mening bilganim... — Jalil qarasaki, masala chigallashib ketyapti. Qaysi bir yig‘indagi Sobitxonning «bahsda chuqurlashmanglar» degan gapini eslab, suhbatga yakun yasamoqchi bo‘ldi: — Men o‘rischada yaxshi tushuntirib berolmayman. Biz tomonlarga borsangiz, o‘rischani qotirib tashlaydigan mullalarimiz bor. O‘shalar tushuntirib berishadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:52:06
Asadbek uning bu bahonasidan kuldi:
— Bo‘sh kelmaysan-a, ko‘p narsani hali bilmayman, deb qo‘ya qolsang-chi.
— Sen jim o‘tiraver. Harholda sendan ko‘proq bilaman.
Shundan so‘ng yo‘lda bora-borguncha bunday jiddiy mavzularga qaytmadilar.
Peshinga yaqin katta yo‘ldan burildilar. O‘rmonchining uyini eslatuvchi ovloqroq yerda ularning kelishlariga turli taomlar tayyorlab qo‘yilgan edi.
— Mehmondorchilikni o‘rniga qo‘yyapti-a, — dedi Asadbek Chuvrindiga.
— Buxoroga olib borganimizda har ikki soatda bir ziyofat bergan edik. Esida qolgan ekan-da.
— Harna bo‘lganda ham yomon bola emas, bu. Aloqani sira buzmaslik kerak.
Manzilga yetgunlariga qadar yana ikki yerda shunday hordiq chiqarishdi.
— Yarim soatda yetamiz, — dedi Kozlov oqshomga yaqin. — Oltmishinchi yildan beri lagerga odam qo‘yilmayotgan edi. Eshitishimcha, yana odam qo‘yishga tayyorlashayotgan emish. Lager yonida qabriston bor. Otang o‘sha yerda. Yigitlar lager arxivini titib, raqamiga qarab aniqlab qo‘yishgan.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:52:50
    Zanglagan simtikonlar bilan o‘ralgan, Kozlov «lager» deb atagan ulkan qamoqxona yaqinida ularni ikki yigit kutib oldi.
— Asad, — dedi Kozlov, yigitlar bilan salomlashib olgach, — lagerni ko‘rasanmi yo qabristonga borasanmi?
    Asadbek simtikonlar ortidan ko‘rinib turgan, yarmi yer ostida bo‘lgan bostirmalarning xunuk manzarasiga tikilib qoldi. Shu yerlarda otasi yurgan... Hozir qiyshayib qolgan yog‘och minoralar ustida soqchilar turgan... Itlar akillagan... Zobitlar baqirgan... Qariyb o‘ttiz yildan beri bu qamoqxona tashlandiq holda. Simtikonlarga atayin tegilmaganday. Go‘yo bu simtikonlarning bugun ham xizmati borday... Avval uning vazifasi odamlarni qochirmaslik edi. Endi-chi? Bu simtikonlar ortida odam bo‘lmasa-da, necha     ming yurakning zorli nolalari qolgan, necha ming marhumning ruhlari tunlari sarsari kezadi bunda... Zorli nolalar bu simtikonlarga urilib aks-sado beradi. Shu qadar kuchli aks-sado beradiki... uni hech kim eshitmaydi. Qaqshagan ruhlar erk ilinjida o‘zlarini shu simtikonlarga urib faryod uradilar. Ularning faryodlari shu qadar kuchliki... ularni hech kim eshitmaydi... Asadbek simtikonlarga qarab shularni o‘ylaydi. Qulog‘i shang‘illadi. Nazarida u otasining faryodini eshitganday bo‘ldi. Yuragi zirilladi. Nafasi qaytdi. Ko‘zi tindi. Gandiraklab ketay dedi. Ziyrak turgan Chuvrindi uni bilagidan ushlab qoldi.
Asadbek chuqur nafas olib, sir boy bermaslik uchun:
— Qabristonga boramiz, — dedi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:53:18
    Kozlov bu gapni eshitib imo qilgan edi, buyruqqa ilhaq bo‘lib turgan yigitlar chaqqon ravishda «Jiguli»ga o‘tirib, yo‘l boshladilar.
O‘nqir-cho‘nqir yo‘l bo‘ylab ancha yurishdi.
— Lager degani bitta kolxozning yericha bor ekan-da, a? — dedi Jalil hayratlanib. — Ming-ming odam siqqandir bu yerga? Daraxt kestirishganmi ularga?
— Omadi borlar daraxt kesishgan. Qolganlari shaxtada ishlashgan. O‘n chaqirim narida shaxta bor, — dedi Kozlov.
    «Otam nima qilgan? Kim biladi? Hech kim...» deb o‘yladi Asadbek.
    Nihoyat tikonli simdevor tugab, yo‘l chapga qayilgach, kichkina yog‘och uy qarshisida to‘xtashdi. Ular mashinadan tushgunlariga qadar uy ostonasida bir keksa odam ko‘rindi. Uzun soqolli, qoshlari oppoq oqargan, ustiga eskiroq, ammo ozoda kostyum kiygan bu odamning yuzidagi nur barchalariga birdek ta’sir qildi.
— Shu qabristonga qarab turarkan. Otalarini tanir ekan, — dedi yigitlardan biri Kozlovga.
Bu gapni eshitib Asadbekning yuragi hapriqib ketdi. Yugurib borib qariyani quchoqlab olgisi keldi. Yugurishni istadi, biroq oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmadi. Joyidan qimirlay olmadi.
Qariya ular tomon bir-bir bosib kelib:
— Assalomu alaykum, mehmonlar, kelinglar, — deb barchalarini hayratda qoldirdi.
— Siz, bo‘tam, Asadjonsiz, to‘g‘ri fahmladimmi? — U shunday deb toshdek qotgan Asadbekni bag‘riga bosib, yuzini yuziga qo‘ydi, yelkalarini siladi. — Barakalla, bo‘tam, xush kelibsiz. Kelishingizga dadangiz rahmatli ishongan edilar. Siz dadangiz rahmatliga o‘xshabsiz, umringiz o‘xshamasin. Bu yigit... Samandarmi? — dedi u ikkilangan holda.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:53:54
— Bu yigit tutingan ukam — Mahmud. Bu devor-darmiyon qo‘shnim, oshnam Jalil, — dedi Asadbek.
— Samandar qani? — deb so‘radi qariya.
— Samandar... o‘lgan. Ellik uchinchi yilda.
— Ellik uchda? Astag‘firulloh!.. Qaysi paytda?
— Stalin o‘lgan kuni.
— Astag‘firulloh... Astag‘firulloh... Yo Rabbim, o‘zing qudratlisan! Bo‘tam, otangizning xastaliklari xuddi shu kuni boshlangan edi. Aniq esimda. Bir hafta deganda jonlari uzildi. Olloh rahmat etsin, — qariya shunday deb picha sukut qildi. — Qani, lutf qilingiz, kulbamizni obod etingiz.
Otasi haqidagi o‘ylar bilan band bo‘lgan Asadbek qariyaning uyga taklif etayotganini darrov tushunib yetmadi. Buni fahmlagan Chuvrindi uning o‘rniga javob berdi:
— Avval mozorboshiga borsakmikin?
— Ixtiyoringiz... — Qariya shunday deb do‘mpayib turgan qabrlar sari yurib pichirlab duo o‘qidi, so‘ng ovozini chiqarib dedi: — Assalomu alaykum, ey mo‘’minlar, sizlar bizlardan avval keldingiz bu yerga, biz ham bir kun kelarmiz...
    Bu gap Asadbekka ta’sir etib, etlari jimirlashib ketdi. Qariya bilan izma-iz borayotgan Jalil undan asta so‘radi:
— Bu yerdagilarning barchasi musulmonmi?
— Yo‘q, — dedi Qariya, — aralash qo‘yilgan. Raqamlarga qarab ko‘plarini eslab qolganman. Birodarlarimni kunda bir ziyorat qilib turaman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:55:18
    O‘t bosgan qabrlar orasidagi lozimini qiynalmay topib borishdi. O‘tlar toptalib, yolg‘izoyoq so‘qmoqlar hosil bo‘lganidan qariyaning rost so‘zlayotganini sezish mumkin edi.
— Rahmatli dadangiz shunda madfundurlar, — dedi qariya, so‘ng ko‘rsatgan qabri yoniga o‘tirdi. Asadbek uning o‘ng tomoniga, Chuvrindi bilan Jalil chap tomoniga o‘tirdilar. Orqaroqda kelayotgan Kozlov, gul ko‘tarib olgan yigit bir necha qadam narida to‘xtashdi.
    Qariya «tilovat qilasizmi, bo‘tam?» degan ma’noda Asadbekka qaradi. Buni sezgan Jalil bilgan suralarini ovozini baralla qo‘yib o‘qiy boshladi...
    Duodan so‘ng Jalil o‘rnidan turdi-da, «Saloti janoza» deb qo‘ydi. Qariya unga ajablanganicha qarab:
— Bo‘tam, janoza vaqtida o‘qilgan, — dedi.
— Shu yerda-ya? — dedi Jalil taajjubini yashirmay. — Kim o‘qigan?
— Men... Qani, o‘tirsinlar... Tarix shuki, kamina ham shu qamoqxona tuzini totganlardan. Mo‘’minlar bandalikni ado etganda janozalarini o‘qir edim.
— Kafan-chi?
— Bu yog‘iga ojiz edik. Nasoriylar ham tobutsiz ko‘milardi. Mo‘’minlarning yuzlarini qiblaga moyil qilib, so‘ng betlarini tuproq tegmaydigan qilib yopib, so‘ng ko‘mardik. Boshqa ilojimiz yo‘q edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:56:12
    Bu gapni eshitib, Chuvrindi o‘z otasini esladi. «Bular-ku, ilojsiz ekanlar, ular-chi? Kafanladilarmi? Yuzni qiblaga qaratdilarmi? Lahad qazidilarmi ekan?..» Chuvrindi shularni o‘ylab, xayoliga bir gap keldi-yu, so‘radi:
— Taqsir, endi qabrni ochib, kafanlab, lahad kavlab qayta ko‘milsa bo‘lmasmikin?
— Bunga hojat yo‘q, bo‘tam. Birlamchi, marhumlarni bezovta qilmagan ma’qul. Bunda jasad yotadir. Ruhlari esa vallohi a’lam erkinlikdadir. Ikkilamchi shuki, bunda madfun etilganlar, vallohi a’lam, shahidlik martabasidadirlar. Aksarlari kofirlar bilan olishib o‘ldilar, inshollohkim, Yaratganning o‘zi ularga shahidlik martabasi berar. Shahidlarga esa kafan lozim emas. Qabristonni ziyorat qilmoqning odobi shuki, bilgan odam «Yosin»ni o‘qimog‘i darkor. Orangizda bilganlar bormi? — Qariya shunday deb Jalilga qaradi. Jalil yelka qisib, bosh chayqagach, tilovatni o‘zi boshladi. Uning qiroati shu qadar yoqimli ediki, uchchovlari bir onda sehrlandilar. Kozlov qaqqayib turishni o‘ziga noqulay deb bilib, yigitning qo‘lidan gulni oldi-da, qabr ustiga qo‘yib, asta iziga qaytdi.
 
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:56:44
— Rahmatli dadangiz bilan uch yildan ortiq birga bo‘ldik, — dedi qariya duodan so‘ng. — Cho‘rtkesar, haqiqatparvar edilar. Xudo kuchdan ham bergan edi. Dadangiz kelgunlaricha bizga kun yo‘q edi. Aristonlar orasida bir devday maxluq bor edi. To‘ng‘iz deb laqab qo‘ygandik. U bor joyda hazrati Azroilga hojat yo‘q edi. Dadangiz kelganlarida uch-to‘rt karra xiralik qildi. Bir kuni qarasak, tunda kimdir to‘ng‘izning boshini boltada chopib tashlabdi. Bu ishni kim qilganini hamma fahmladi. Xo‘jayinlar ham sezishdi-yu, guvoh bo‘lmagani uchun bo‘yniga qo‘ya olishmadi. Rahmatli dadangiz tufayli o‘shandan keyin bag‘rimizga shamol tegib qoldi. Katta nachaynik itfe’l edi. Dadangizning payiga tushdi. Shaxtaga haydadi. Uch marta ovga olib chiqdi. Ov deganimiz Xudoning bir balosi edi. Itfe’l o‘ziga yoqmagan aristonlarning besh-oltitasini o‘rmon ichkarisiga haydab borib, so‘ng qo‘yib yuborar edi. Kim evini qilib, uning o‘qlariga chap berib, lagerga qaytib kelsa keldi, bo‘lmasa «qochishga uringanda otib tashlandi» deb xatga tirkashardi. Uchinchi marta dadangizning yolg‘iz o‘zlarini olib chiqishdi. Evlasholmadi. Xudo o‘z panohida asraganidan keyin, o‘q do‘li yog‘dirilsa ham bir tuki uzilmaydi-da. Dadangizga boshqacha o‘lim nasib etgan ekan. Stalin o‘lgani haqidagi xabar bizga sakkizinchi martda yetdi. O‘shanda dadangizning xastaliklariga uch kun bo‘lgan edi. Bu yerning do‘xtiri ham aristonlardan edi. Yo qo‘li kaltamidi yo ilmimi, harholda chora topmadi. Yana uch kundan so‘ng isitma aralash alahsirab turib, uzildilar. Samandarni ko‘rishga ilhaq edilar. Shu armon bilan ketdilar. Yana bir armonlari — sizlardan hech xat-xabar bo‘lmadi. Ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutdilar.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:57:24
Bu gapni eshitib, Asadbek yalt etib qariyaga qaradi:
— Qaerga yozishni bilmas edik. U yoqdagi idoralar ma’lumot berishmadi. O‘zlaridan xat olmadik.
— Ko‘p yozdilar. O‘zim guvohman. Bilmasam, nechukdirki, sizlarga yetmagan ekan. Xastalanmaslaridan burun ham yozganlari yodimda. Balki xat bu qamoqxonadan chiqarilmagandir. Balki turadigan yeringizda g‘alamislar bo‘lgandir. Shunaqasini ham eshitganmiz.
Bu gapdan keyin Asadbek Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu qarashning ma’nosini tushunib, «ma’qul» deganday bosh irg‘adi.
Barchalari uchun kutilmaganda Jalil qariyaga savol berdi:
— O‘zingiz nima uchun o‘tirgansiz?
Asadbek achchiqlanib, Jalilga qovoq uyub qaradi. Chuvrindi xijolatlik bilan boshini egdi. Qariyaga esa bu savol malol kelmadi:
— Har narsa mavridi bilan, bo‘tam. Bu yerda hasrat daftari o‘qish joiz emas.
Qariya shunday deb o‘rnidan turdi. Jalil bilan Chuvrindi unga ergashdi. Asadbek o‘rnidan jilmadi. Uning qolganiga e’tibor bermaganday, uchovlon uy sari yurdilar.
    Asadbek bu onning qanday kechishini ko‘p xayol qilgan edi. Dam qabrni quchoqlab yig‘lagan bo‘lardi. Dam otasining ruhi bilan suhbatlashardi. Onasining taqdiri, Samandarning o‘limi, o‘zining sarguzashtlarini... gapirib berardi. Qariya bilan uchrashuv, uning hikoyasi xayollarini to‘zitib yubordi. Hozir to‘zonga aylangan xayollariga bandi bo‘lib, qabrga tikilganicha nest holida o‘tirardi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:57:47
    Qariya uyiga yaqinlashgach, Kozlov mehmonlarni olib ketajagini ma’lum qildi. Qariya uning gaplarini eshitib, bosh chayqadi.
— Avval uyga kiringlar. Bir piyoladan choy ichinglar. Kecha bu yigitlar kelishgandan beri yo‘lga ko‘z tikaman. Oshga unnab qo‘yganman, hozir guruch solsam, oshdan so‘ng mayli, siz mezbonga o‘xshaysiz, ixtiyor sizda. Unga qadar Asadjon bo‘tam ham bir nima der-lar. Bugun u kishining ko‘ngillariga qaramasak bo‘lmas.
    Qariya shunday deb mehmonlarni ichkari kirishga undadi. Kozlov «hozir bir joyga borib kelaman», deb yigitlari bilan «Jiguli»ga o‘tirdi. Jalil oldinda, Chuvrindi unga ergashgan tarzda torroq dahlizdan o‘tib, uyga kirdilar. Uy ichi sarishta, ozoda edi. To‘rda ensiz karavot, o‘rtada dumaloq stol. Ortiqcha ashyolar ko‘zga chalinmaydi. Qariya fotiha o‘qigach, o‘rnidan turdi-da, dasturxon yoydi. Tokchadagi mayiz, turshak, bodom, yong‘oq solingan likopchalarni olib qo‘ydi. Mo‘’jaz sandiqdan non olib, pichoq bilan kesdi. So‘ng «dasturxonga marhamat qilinglar», deb chiqdi-da, dam o‘tmay choynakda choy ko‘tarib kirdi.
— Siz gazda qaynagan choyga o‘rganib qolgansiz. Samovarchoyni ham bir ko‘ringlar-chi, — dedi jilmayib.
Choy icha turib, qariya Jalilga qaradi:
— Bo‘tam, endi haligi savolingizga javob berayin.
— Unchalik shart emas, — dedi Jalil o‘ng‘aysizlanib.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:58:03
— Shart emas-ku, ammo qiziq-da. O‘rislarning ovloq bir makonida bu o‘zbek chol qaydan paydo bo‘ldi deb ajablanasiz-da. Aslida-ku, bu joylar keyinoq o‘risniki bo‘lgan. Bu yerlarda azaldan turk qavmlari yashab kelgan. Bu yog‘i Enasoy, u yog‘i Boyko‘l, Yoqutistonu Tuman, Jeta... Zamonaning zayli bilan endi o‘risniki bo‘lib ketdi-da. Men asli marg‘ilonlikman, bo‘tam. Dadam rahmatli hofizi qur’on bo‘lganlar. Atlas to‘qishda dadamga teng keladigani bo‘lmagan. Yigirma to‘qqizinchi yili «Hamzaxonni mullalar o‘ldirdi», deb ilmi borlarni terib, qamashdi. Dadam rahmatlini ham o‘shanda olishgan. Kosibchilik qilib ro‘zg‘or tebratayotgan odam Marg‘ilonda yashasa, Hamzaxonni Shohimardonda o‘ldirishgan bo‘lishsa... Sho‘rolarga bir bahonai sabab kerak ekan-da. Agar dadam hofizi qur’on bo‘lmaganlarida birov tegmas edi. Asadjon bo‘tam bilan taqdirimizning shu yeri o‘xshash ekan. Rahmatli dadamni boshqa ko‘rmadik. Mana shunaqangi turmalarda azob chekib o‘tgandirlar, deyman. Eslasam, hali ham yuragim o‘rtanib-o‘rtanib ketadi. Ko‘p o‘tmay bizni ham quloq qildilar. Ukrainaga tushdik. Shunisiga ham shukr qilib, dehqonchilikdan nasibamizni terib yeb yuruvdik, urush boshlansa deng. Qismatimizda bu ham bor ekan. Baquvvat yigit edim. Nemis kattalaridan birining nazariga tushibman. Xizmatkor kerak ekan, Olmoniyaga jo‘natdi. Onam, ikki ukam, singlim faryod solib qolaverishdi. Ularni shu bo‘yi ko‘rmadim. Qamoqdan chiqqanimdan keyin ham ko‘p qidirdim, yo‘q, topmadim. Nemis nima uchun menga xaridor bo‘lib qoldi, desam, u urushdan oldin Turkiyada yurib musulmonlarning ozodaligiga, to‘g‘riligiga tan bergan ekan. Biron oylardan so‘ng o‘zi ham uyiga qaytdi. Xizmatini halol bajarib yuraverdim. Men borgan joy urushdan holi ekan. Urushning tamom bo‘lganini bilmabman ham. Bir kuni xo‘jayin: «Urush tugadi, istasang uyingga qayt, istasang boshqa xizmat qil, istasang men bilan yur, Amerikaga ketyapman», deb qoldi. «Amerikada menga nima bor», deb uyga qaytmoqchi bo‘ldim. Marg‘ilonga qaytish qayda, to‘ppa-to‘g‘ri turmaga tiqdilar. Odam bolalari shu darajada to‘g‘ri yo‘ldan toyganlarki, faqat bir-birlarini aldab yashaydilar. Yolg‘on gap topilmay qolgan damdagina bir-ikki rost gapirishga majbur bo‘ladilar. Shu sababli bir-birlariga ishonmaydilar. Shu sababli menga ham ishonmadilar. Hali u turmada, hali bu qamoqxonada yurib, oxirgi makonim shu yer bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:58:24
— Oqlanganingizdan so‘ng uyingizga qaytavermadingizmi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Marg‘ilonga qaytib bordim. Picha yashadim. Uy-joylarimiz musodara bo‘lib ketgan. Qarindosh-urug‘lar tanimaydi. Tanigani bordi-keldi qilgani qo‘rqadi. Endi qonim qo‘shilmasligini sezdim. Yana deng, tushlarimga shu yerda yotgan birodarlarim kiraverishadi. «Bizni yolg‘iz qoldirdingmi?» deb chirqirashadi. Shu sabab bo‘lib bu yoqqa qaytvordim-da. Avval qishloqda yashadim. Keyin shu uychani qurdim.
— Tirikchilik nima bo‘lyapti, tirikchilik? — deb so‘radi Jalil.
— Tirikchilikmi? Yerga egilsangiz, bo‘tam, yer boqadi. Bu tomonlarda yerning hisobi yo‘q. Istagancha dehqonchilik qilish mumkin. Bog‘im bor, dehqonchilik qilaman. Olloh nasibamni berib turibdi, alhamdulillah.
Qariya shunday deb soatiga qarab oldi.
— Men guruchni solaveray. Keyin shomni o‘qiymiz, — dedi Jalilga qarab, so‘ng Chuvrindiga qaradi: — Siz bo‘tam, Asadjonni chaqiring.
    Qariya bilan Chuvrindi chiqib ketishgach, Jalil xonaga ko‘z yugurtirdi. Karavotning oyoq tomoniga joynamoz taxlab qo‘yilibdi. Bosh tomondagi tokchada kitoblar. Jalil o‘rnidan turib ulardan birini oldi-da, varaqladi. Arab harflariga tishi o‘tmagani uchun hech nimaga tushunmadi. O‘zicha «Qur’on bo‘lsa kerak» deb taxmin qildi. «Bu odam katta mullaga o‘xshaydi, men ahmoq, uning oldida janoza o‘qimoqchi bo‘ldim», deb o‘zini o‘zi koyidi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:58:52
Bir oz fursat o‘tgach, qariya kirib undan so‘radi:
— Tahoratingiz bormi, bo‘tam?
— Yo‘q, — dedi Jalil. — Tayammum qilib qo‘ya qolaman.
— Nimaga? — deb ajablandi qariya. — Suv bor-ku? Suv bo‘lsa, sihatingiz ko‘tarsa, tayammumga yo‘l yo‘q, bo‘tam..
    Shomni o‘qib bo‘lishganda ham Asadbek qaytmadi. Jalil bundan foydalanib yo‘ldagi bahsni aytib berdi.
— Bahslashmaganingiz durust bo‘libdi, bo‘tam, — dedi qariya. — Buning uchun odamga ilm kerak. Buning uchun Injil bilan Qur’oni Karimni puxta bilish shart. Ulamolar ham bu masalada ehtiyot bo‘lib bahsga kirishadilar. Ilm sayoz bo‘lsa, islomning afzalligini ko‘rsataman, deb aks ish qilib qo‘yish mumkin.
— Siz bilsangiz kerak, — dedi Jalil kitoblarga ishora qilib.
— Menda ilm yo‘q, bo‘tam. O‘qiganlarim yetarli emas. Bu sohada mening bilganlarim shuki, nasroniylar Iso alayhissalomdan so‘ng adash yo‘lga kirib ketdilar. Injilga o‘zlaricha o‘zgartishlar kiritdilar. Iso Masixni Xudoning o‘g‘li deb atadilar. Ammo, bilingki, bo‘tam, shu gaplarni aytish bilan bahsni yengib bo‘lmaydi. Ayniqsa ilmdan uzoq bir odamga gap uqtirish mushkul.
Asadbek kirib ularning gaplari uzildi. Qariya shamchiroqni yoqdi. Kozlov kelgach, osh suzildi. Asadbekning tomog‘idan ovqat o‘tmadi.
Kozlovning qishloqqa borib yotish haqidagi taklifini Asadbek rad etdi.
— Men shu kech otam  yonida qolay. Jalil bilan Mahmud sen bilan birga qaytishadi, — dedi u.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 14:59:16
    Asadbekning ahvolini tushunib turishgani uchun bahslashib o‘tirishmadi. Kozlov qariyani bir chetga tortdi-da:
— Asad betob, — dedi. — Muyulishdagi mashinada bir yigit o‘tiradi. Agar Asad behalovat bo‘lsa, darrov xabar qiling.
    Asadbek qariya bilan otamlasharman, deb o‘ylagan edi. Yolg‘iz qolishgach, gaplashgisi kelmadi. Ko‘ngil yolg‘izlikni istadi. Tashqariga chiqib yog‘ochdan yasalgan o‘rindiqqa o‘tirib, qabriston tomonga tikildi. Vujudidagi og‘riqni ham, isitmasi ko‘tarilganini ham sezmadi.
    Ertasiga qariya bilan xayrlashib, Krasnoyar sari yo‘lga tushdilar. Shaharga kirmay, kasalxona yo‘liga burildilar. Asadbek ancha holsizlanib qolgani uchun undan so‘rab o‘tirmadilar. Asadbek uchun joy hozirlanib qo‘yilgan edi. Uni qoldirib shaharga qaytishgach, Kozlov:
— Asad kamida bir hafta-o‘n kun yotishi zarur ekan. Shoshilinch ishlaring bo‘lsa, qaytaveringlar. O‘zim xabardor bo‘lib turaman. Bu yer ishonchli joy, — dedi.
— Men qolaman, — dedi Chuvrindi qat’iy ohangda.— Sizlarni ortiq bezovta qilmaslik uchun mehmonxonada turaman.
— Mahmud! Sen meni xafa qilyapsan. Agar Kozlovda bitta oshiqcha uy, bitta oshiqcha mashina bo‘lmasa yurgan ekan-da, a?..
— Jalil aka, siz-chi? Qaytasizmi?
— Kallang bormi, sen bolaning! — dedi Jalil achchiqlanib. — Agar senga xalaqit berayotgan bo‘lsam, aytaver, mehmonxonangga pulim yetmasa vokzalda ham yotaveraman. Qora nonga qornim to‘yadi.
— Unaqa ma’noda aytmadim, Jalil aka, xafa bo‘lmang, — dedi Chuvrindi xijolatlik bilan. — Ishingiz zarurmikin...
— Ishim yo‘q mening. Mening bunaqa do‘stim bitta, bilib qo‘y. Sen boshqa xo‘jayin topishing mumkin, men boshqa do‘st topa olmayman!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:00:41
XX  b o b

1

— Menga bu ishlaring yoqmayapti, — dedi Valya, ko‘zgu qarshisida o‘ziga oro berayotib. — Xongirey bilib qolsa... albatta biladi, meni jazolaydi, senga esa indamaydi.
— Qo‘rqma, senga ham indamaydi.
— Olov bilan o‘ynashyapsan, Zelya.
— Olovning ustida tug‘ilganman, olovsiz turolmayman, — dedi Zelixon kulib.
— Shuning uchun o‘zing kuymay qolasan, boshqalar esa sen uchun jizg‘anak bo‘lishadi.
— Qo‘rqma deyapman-ku.
— Yaxshi, qo‘rqmadim. Hozir yo‘lga chiqaman. Jamshid kelmasa-chi? Ahmoq bo‘lib qaytib kelaveramanmi?
— Nega ahmoq bo‘larkansan? Kelmasa, ikkalamiz g‘orni aylanamiz. Ishtaha kelib qolsa, balki o‘pisharmiz. Sen hech g‘orda o‘pishganmisan?
— Yo‘q, — dedi Valya jerkib. — Maynavozchilik qilma. Eslab qol: g‘orning uchinchi bo‘lmasida kutasan. Ikki yigit orqadan poylaydi.
    Zelixon Valyaning chindan ham achchiqlanayotganini bilib, boshqa gapirmadi.
    Zelixon sayyohlarga qo‘shilib, g‘or ichkarisiga olib kirish uchun mo‘ljallangan vagonga o‘tirdi-da, har ehtimolga qarshi atrofga alangladi. O‘zini kuzatayotgan nigohni sezmagach, xotirjam bo‘ldi. Ichkariga kirgach, yana alangladi. Vagonlar ma’lum manzilga yetgach, to‘xtadi. Sayyohlar yo‘lboshlovchining g‘or tarixi haqidagi hikoyasini tinglab, tomoshani boshladilar. Zelixon uchinchi bo‘lmaga qadar ular bilan birga yurdi. So‘ng yolg‘iz o‘zi qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:03:21
    Novoafon g‘orining uchinchi bo‘lmasi boshqalariga qaraganda kichikroq hamda qorong‘iroq edi. Sumalakka o‘xshab qotib turgan rangli ma’danlardan suv chakillab tomardi. Zelixon soatiga qaradi: o‘n besh daqiqadan so‘ng Valya Jamshid bilan uchrashishi kerak. To u yoqdan, bu yoqdan gaplashib g‘orga kirgunlaricha yana o‘n besh daqiqa o‘tar, demak, yarim soat kutishi lozim. Zelixon atrofni sinchiklab kuzatib, pana joy mo‘ljalladi. Ma’qul joy topilmagach, to‘rtinchi bo‘lmaga chiqdi-da, Valya bilan Jamshid ko‘ringunicha shu yerda kutishga qaror qildi.
    Ular mo‘ljaldan avvalroq ko‘rinishdi. Sayyohlar uchinchi bo‘lmadan chiqishgach, reja bo‘yicha Valya Jamshidni bir bahona bilan ushlab qolishi kerak. Shunda Zelixon kiradi. Shunda Jamshid hayrat tuzog‘iga tushadi. Tuzoqdagi qushning ahvoli esa ma’lum.
    Uchinchi bo‘lmaga kirgunlariga qadar Jamshid Valyaning yetagidagi go‘l yigit ko‘rinishida edi. Sayyohlar chiqa boshlashgach, Valya ma’danlarning sifati haqida so‘z ochdi. Jamshid esa uning so‘zlariga quloq bermay, atrofga alangladi.
— Gapimni eshitmayapsanmi? — dedi Valya nozli ohangda.
— Ha, — dedi Jamshid.
— Nega?
— Bu gaplarni ko‘p eshitganman. Sen menga boshqa narsani gapir: akademik shu yerda kutishi kerakmidi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:03:42
— Qaysi akademik?
— Bilmaysanmi? Ha, yaxshi, unda gapiraver, kutamiz, — Jamshid shunday deb bo‘lma og‘ziga orqasini qilib turib oldi. Sharpa sezilganda ham qaramadi.
Zelixon bo‘lmaga asta kirdi. Valya uni ko‘rdi, ko‘zlari bilan ishora qildi. Ammo Zelixon bu ishorani nimqorong‘ida sezmadi. U Jamshidga yaqin kelib, yelkasidan ushladi:
— Jamshid!
Jamshid Zelixon o‘ylaganidek sapchimadi, keskin o‘girilmadi. O‘girilib, hayratga ham tushmadi. Astagina o‘girildi-da, zaharli jilmayish bilan Zelixonga tikildi.
— Akademikning buyrug‘iga binoan yetib keldim. Xizmatlariga tayyorman.
Zelixon «aytib qo‘ydingmi?» deganday Valyaga norozi qiyofada boqdi.
— Unga qaramang. Sizni kecha ko‘rganman. Siz o‘g‘irlikda balki akademikdirsiz, lekin bunaqa ishlarda mishiqi bolaga o‘xsharkansiz. Shuncha odamni ovora qilganingizni qarang. Men siz o‘ylaganday nodon yoki laqma bo‘lsam, shuncha yil Asadbekning qanotida yurarmidim? Gap shu: xonimchangizga ham, orqadagi ikki yugurdagingizga ham javob bering. Gapingiz bo‘lsa, yakkama-yakka gaplashamiz.
    Zelixon «chiq» deganday Valyaga qaradi. Valya istamaygina chiqib, to‘rtinchi bo‘lmadagi sayyohlarga qo‘shildi.
— Shu yerda gaplashamizmi yo yorug‘ jahonga chiqamizmi? — deb so‘radi Jamshid.
— Yorug‘ jahon ham gap ekanmi, — dedi Zelixon, — naq jannatning kindigida otamlashamiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:05:36
2

    Ular tushgan mashina tog‘ning aylanma yo‘llari bo‘ylab yuqoriladi. «Gloriya» deb nomlangan qahvaxona katta yo‘ldan chetroqda, begona ko‘zlardan panada bo‘lsa-da, gavjum edi. Bu yer boshqa joylarga qaraganda tinch, to‘planganlar tasodifiy xo‘randalar emas, balki doimiy mijozlar ekani ularning bamaylixotir o‘tirganlaridan sezilar edi. Zelixon qamalmasidan ilgari bu yerda to‘rt-besh marta bo‘lgan, hatto Xongirey bilan ham birga kelgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, kapalaknusxa galstukli, orqaga taralgan sochlari oqargan qahvaxona og‘asi uni tanib, izzat bilan qarshiladi-da, ikki kishilik joyga boshlab bordi. Ulardan hech kim nima ichasiz, nima yeysiz, deb so‘rab o‘tirmadi.
    Jamshid atrofga ko‘z yugurtirdi: pastda dengiz yastanib yotardi. Sarv qomatli archalar shabadada asta chayqaladi. Yuqorida qorli cho‘qqilar ko‘rinadi.
— Uch-to‘rt chaqirim narida Stalinning dachasi bor, — dedi Zelixon. — Xohlasang ko‘rsatishim mumkin. Xohlaysanmi?
— Men bunaqa narsalarga qiziqmayman, — dedi Jamshid.
Xizmat qilib yuruvchi yigit billur idishlarda pivo keltirib qo‘ydi.
— Dam olgani keldingizmi? — deb so‘radi Jamshid, pivodan xo‘plab.
— Shunaqa desak ham bo‘ladi.
— Yolg‘iz kelibsiz?
— Kim bilan kelishim kerak edi?
— Masalan... Hofiz bilan?
— Uning o‘ziga yarasha tashvishlari bor.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:06:29
— Yana qanaqa tashvish? O‘chini oldi. Ko‘ngli joyiga tushdi. Yo tushmadimi? Ha... endi meni o‘ldirgisi kelayotgandir. Bilaman, meni yomon ko‘radi. Ammo aytib qo‘ying unga, men Shilimshiq emasman, menga tishi o‘tmaydi.
— Seni o‘ldirmaydi, — Zelixon shunday deb zaharli iljaydi. — Bitta odamni ikki marta o‘ldirib bo‘lmaydi.
— Bu nima deganingiz?
— Elchin seni o‘ldirib bo‘lgan. Buning uchun qaynotasidan tepki ham yegan.
— Tushunmadim?
— Ovsarmisan, desam, esli-hushli bolaga o‘xshaysan.
Bu gapdan Jamshidning g‘ashi kelib qoshlarini chimirdi.
— Meni ko‘pchilik kelajakdagi Asadbek, der edi. Eshitmaganmisiz?
— Eshitmaganman. Ammo qulog‘imga «Jamshid — O‘qilonning soyasi» degan gaplar chalingan. Xo‘sh, o‘zingni ovsarlikka solmayotgan bo‘lsang ayt-chi, meni restoranda ko‘ribsan, marjaning maqsadini anglabsan, nimani kutding?
— Bir shumlikni o‘ylaganingizni sezdim. Otarchi ham shu yerdadir, deb o‘ylabman.
— Shumlikni men emas, akalaring qilgan. Sen har holda bu yerga o‘ynagani kelmagandirsan?
— Shunaqa desak ham bo‘ladi.
— Bu yer vaqtinchalik qo‘nish joyi. Keyin qayoqqa uchasan?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:06:56
— Qayoqqa? Uyga-da.
— Uyga ucholmaysan.
— Nega?
— Seni O‘qilon o‘z o‘g‘liday yaxshi ko‘rarmidi? Unga nima yomonlik qiluvding?
Jamshid Zelixonning o‘tkir nigohiga dosh berolmay, ko‘zlarini olib qochdi.
— Gaplaringga qaraganda sen asosiy hukmni bilmaysan, shekilli?
Bu gapni eshitib, Jamshid Zelixonga yalt etib qaradi:
— Asosiy hukm?
— Akalaring senga «uch-to‘rt kun Bek akamning ko‘zlaridan nari yura tur», deyishganga o‘xshaydi, a? Seni bu yoqqa uchirib, ertasiga seni ko‘mishgan. Tushunmadingmi? Diqqat bilan eshit: O‘qilon seni qaysi bir gunohing uchun o‘limga hukm qilgan. Senga mehribon bir, yoki ikki, yoki uch odam seni bu yoqqa jo‘natib, o‘rningga boshqa odamni xuddi Shilimshiqqa o‘xshatib o‘ldirib, yoqib yuborib, keyin ko‘mishgan. Sening o‘ligingni Chuvrindining uyidan chiqarishgan.
— Yolg‘on!
— Senga yolg‘on gapirishdan menga foyda bormi? Nima uchundir O‘qilon qotillikda Elchinni aybladi. Men shunga hayronman. Sening o‘lganingga men ham ishongan edim. Kecha ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim. Seni panaga tortganimning sababi ham shu. Seni deb Elchinning yana jabr tortishiga yo‘l qo‘ya olmayman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:07:19
    Xizmat qilayotgan yigit yoqimli hid taratayotgan kabob keltirib qo‘ydi. Kabob hidi ishtahalarini qitiqlasa ham taomga qaramadilar. Jamshid bir oz sukut saqlab o‘tirgach, o‘rnidan turdi.
— Ha, qayoqqa? — dedi Zelixon.
— Shu bugunoq jo‘nayman.
— Shoshilma. Akang hali-beri hukmni o‘zgartirmas. Sen avval nima gunoh qilganingni aniqlab ol.
— Gunohim yo‘q.
— Lekin ayrim odamlar orasida mish-mishlar yuribdi. Seni ko‘mib kelishgan kuni Asadbekning qizi o‘zini osgan. Keyin bolasi tushgan... Balki u bilan...
— Yo‘q, — dedi Jamshid keskin. — U menga singil qatori edi. Bek akamning gumon qilishlariga o‘rin yo‘q edi.
— Unda nimaga?..
— Bu yog‘iga ishingiz bo‘lmasin.
— Yaxshi, ishim bo‘lmaydi. Lekin bilib qo‘y, shilta o‘yinlaringga Elchinni aralashtirmalaring. Elchin yolg‘iz emas. Mendan tashqari ham himoya qiladiganlari bor. Bular oldida, — Zelixon atrofdagilarga ishora qildi. — O‘qilon chuvalchangday bir gap.
— Katta ketmang, aka, — dedi Jamshid eshik tomon yurib. U kelgan mashinasida qaytdi. Zelixon esa qahvaxona xo‘jayinining xonasiga kirib, telefon go‘shagini ko‘tarib buyurtma berdi.
O‘n daqiqadan so‘ng Elchinning telefoni jiringladi. Zelixon Elchinning ovozini eshitdi-da, salomlashmasdan turib dona-dona qilib dedi:
— Elchin, bir gapni aytaman, dovdirama. Gaplarimni qaytarma. Xotirjam eshitib, trubkani ham joyiga asta xotirjamlik bilan qo‘y. Gap bunday: Jamshid tirik. U Sochida. Hozir birga pivo ichdik. U o‘zining o‘lganini bilmaydi. Sen hushyor bo‘l. Qolgan gapni keyin aytaman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:08:16
3

    Eshikni Valya ochdi. Zelixon uning ko‘zlaridagi xavotir uchqunini sezib, ichkari kirishi xavfli ekanini angladi. Endi orqasiga o‘girilaman deganida biqiniga o‘tkir tig‘ tiraldi. Zelixon uy burchagida ikki yigitning bejo turishiga ahamiyat bergan, ularni Xongireyning yigitlari deb o‘ylagan edi.
    U ilojsiz bir ahvolda ichkariga qadam qo‘ydi. Katta xonaga kirdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi. «Nima balo, o‘liklar tirila boshlaganmi?» deb o‘yladi. Xona to‘ridagi yumshoq o‘rindiqda taltayib... Fedya o‘tirar edi. Jamshid masalasini aniq bilmas edi, axir buni o‘z qo‘li bilan o‘ldirgan edi-ku?!
— Ha,  Zelya, ko‘zlaringga ishonmayapsanmi? — dedi Fedya o‘rnidan turib. — Men o‘sha, o‘zing bilgan Bo‘riman. Narigi dunyoda edim. Qarasam, maishat zo‘r. Men maishat qilib yuraversamu akademik do‘stginam yorug‘ dunyoda xor bo‘lib yursa, insofdanmi, deb u yerdagilarni avradim. Meni yorug‘ dunyo azoblariga qaytaringlar, qorong‘u dunyo lazzatlaridan akademik do‘stim ham bahramand bo‘lsin, devdim, ko‘nishdi, parazitlar. To‘g‘ri, ularga ham ozgina xarajat qilishga majbur bo‘ldim. Senday do‘st uchun men hech nimamni ayamayman, bilasan-ku?
— Sen... qanday tirik qolding? — dedi Zelixon, hayratdan hanuz o‘ziga kelolmay.
— Xudo xohlamadi o‘lishimni, — dedi Fedya tirjayib.
— Xudo-ku, xohlardi-ya... Fedya, bir safar tirik qolganing bilan, xoinliging kechirilmaydi, bilasan,a? Mentlarga xizmat qilayotganing uchun tering shilinadi hali.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:08:34
— Sen o‘zingni o‘yla. Sen akademik emassan, xomkallasan. Xongirey ham ahmoq. Seni bunaqa joydan qidirishmaydi, ovloqlardan izlashadi, deb o‘ylaganidan keyin ahmoq-da. Sen po‘stak, tomirimga qoradoridan boplab urdim, deb quvondingmi? Sening kelishing ma’lum edi. Endi sen shilta ish bilan ketasan. Qaytmaydigan bo‘lib ketasan.
— Sen tiriksan-ku?
— Sheriklarim o‘lgan.
— Bular... mentlarmi? — dedi Zelixon orqadagi yigitlarni ko‘rsatib.
— Ishing bo‘lmasin. O‘tir. Qorong‘i tushguncha o‘tiramiz. Keyin ketamiz.
— Qayoqqa?
— Ochig‘ini aytaymi, Zelya, sen umringni yashab bo‘lding. Seni qamashmaydi, sud ham qilishmaydi, hukm aniq, ijro qilinsa bas.
— Biz bir paytlar do‘st edik, Fedya?
— Bir paytlar otang onangga uylangan edi? Qani u? Do‘stligimiz ham shunaqa. Sen meni o‘ldirmoqchi eding. O‘shanda do‘stligimizni eslamading-ku?
— O‘zing-chi? O‘zing ham meni o‘ldirmoqchi bo‘lmadingmi? Xullas, oshnam, hisob-kitobimiz to‘g‘ri.
— Yo‘q, Zelya, sening hisob-kitobing o‘tmaydi     bu o‘yinda. Endi sen qoyilmaqom qilib o‘lishni o‘yla.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:09:24
— Otasanmi, chopasanmi yo qiymalaysanmi?
— O‘zingga ma’qulini tanla, menga baribir. Seni qishlog‘ingdagilar ko‘mib bo‘lishgan. Endi birov seni qidirmaydi.
— Unda meni... ot. Bir o‘q bilan tinchit.
— Yaxshi, otaman. Bitta o‘q yetsa yetdi, bo‘lmasa sendan o‘nta o‘qni ham ayamayman.
— Faqat... qishlog‘im atrofida ot. Chirisam o‘sha yerda chiriy.
Fedya bu gapni eshitib, baralla kulib yubordi.
— Vey, ahmoq, qaerda chirishingning nima ahamiyati bor? Yo‘q, men seni uzoqqa sudrab bora olmayman. Sen jon do‘stim, chirishdan qo‘rqma. Chirishga ulgurmaysan. Seni qiynamaslikning chorasini ko‘rib qo‘yganman. Otamizu ustingdan kislota quyamiz. Sening o‘rningga qishlog‘ingda Zelixon deb ko‘milgan ahmoq chiriyversin.
— Bilib qo‘y, seni Xongirey tinch qo‘ymaydi.
— Xongireyni ko‘ndiradigan odamlar bor. Sen bu yog‘idan xavotir olma. Xongirey ham odam, u ham hisob-kitobli dunyoda yashaydi.
Zelixon orqadagi yigitlarga qarab qo‘yib jilmaydi.
— Nimaga tirjayyapsan? — dedi Fedya.
— Shunaqangi osongina o‘lib ketamanmi, deb o‘ylamovdim. Fedya, sen bilan menga oson. Vaqti yetsa o‘lib ketaveramiz. Bu dunyoda bir-ikki kunlik o‘ynashlarimizdan boshqa hech kimimiz yo‘q. O‘lsak, birov achinib yurmaydi ham.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:09:39
— Sening hech kiming yo‘qdir. Mening esa onam bor.
— Onangmi?.. O‘lganingni eshitib onang quvonib ketsa kerak.
— Shunaqa degin?.. Xotirjam bo‘l, onam hali-beri quvonmaydi. Men hali ko‘p yashayman. Bu dunyo maishatlariga hali to‘yganim yo‘q.
— Fedya, sen menga nomardning ishini qilyapsan. O‘limim oldida senga bir gap aytay, bu yigitlar chiqib turishsin. Qo‘rqma, qochib ketmayman.
Fedya bir oz o‘ylangach, yigitlarga «chiqinglar» degan ma’noda ishora qildi.
— Fedya, — dedi Zelixon, yolg‘iz qolishgach. — Bir masalada kelishib olsak, o‘zingga yomon bo‘lmaydi. Qamalishimdan ilgari bankni o‘marganimni bilasan-a? Aybni bo‘ynimga qo‘yishdi, lekin pulni topa olishmadi, buni ham bilasan, a? Men senga o‘xshagan kissavur emasdim. Katta-katta topardim. Bu ham ma’lum senga. Qishlog‘imga nima uchun keldim, buni bilasanmi? Yo‘q, bilmaysan. Men o‘g‘irlikni yig‘ishtirib, tinchgina yeb-ichib yotmoqchi edim. Bu pul mening yetti avlodimga yetib ortadi. Menga nasib etmaganga o‘xshaydi. Men shu pulni deb yashadim, endi mendan keyin chirib uvol bo‘lmasin. Yarmiga kelishsak, qaerdaligini aytaman.
— Yarmini nima qilmoqchisan?
— Yarminimi?.. Bir do‘stim bor, o‘shanga olib borib berasan.
— Aldayotgan bo‘lsang-chi?
— Seni aldashdan foyda bormi, menga? Kechgacha o‘yla, bilib qo‘y, sen buncha pulni umringda ko‘rmagansan. Yana bir gap: kechgacha bu o‘tirishda siqilib o‘lmaylik. Agar mendan cho‘chisang, oyoqlarimni bog‘lab qo‘y. Ammo yo‘lga chiqquncha bir maishat qilaylik. Agar taklifimga ko‘nsang, kechqurun yo‘lga chiqsak, ertalab yetib olamiz. Agar insof qilsang, marjaning to‘shagiga kirib chiqishga ruxsat berarsan.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:10:34
    Fedya yigitlarni chaqirib Zelixonni stulga o‘tqazdi-da, oyoqlarini bog‘latib qo‘ydi. Valya stol ustiga aroq, kolbasa, non, piyoz, tuz keltirib qo‘yib, yotog‘iga kirdi-da, eshikni zanjirlab oldi.
Fedyaning o‘zini erkin tutishi, Valyaning bulardan qo‘rqmayotganidan Zelixon bildiki, bu ishlarga Xongireyning ijozati bor. «Xongireyning nozik bir joyidan ushlashganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa u meni osonlikcha bermas edi, — deb o‘yladi Zelixon. Keyin birdan fikri charaqlab yorishdi: — E, ha, Xongirey, azizim, menga yaxshilik qilaman, deb yomonlikni ravo ko‘ribsan-ku? Qishlog‘ida o‘lib ketmasin, besh-o‘n kun Sochida yayrab olsin, deding-mi? Buning uchun o‘z o‘ynashingni qo‘shdingmi, menga? Eh, Xongirey, shu masalada chechenga o‘xshamading. Qishlog‘imda o‘lganim, odamga o‘xshab ko‘milganim yaxshi emasmidi?..»
    Zelixonning muqobilida o‘lim to‘rlari tashlangan qorong‘i yo‘lakdan o‘zga yo‘l yo‘q. Istasa-istamasa hademay o‘limning shirin suvini ichmog‘i joiz. O‘lim uni bag‘riga olmoqqa shay. Faqat yana qancha soat yoki daqiqadan so‘ng, qaerda oladi — faqatgina shu masala hal etilsa bas. Zelixon Farg‘onada ekanida o‘lim bilan yuzma-yuz kelmoq dahshatini his etgan. To‘g‘ri, o‘zi aytganiday, o‘limi hech kimni larzaga solmaydi. Agar Fedyaning gapi rost bo‘lsa, kislota bilan kuydirilsa, bu dunyoda jasadi ham, nomi ham qolmaydi. Chechenning bir avlodi tomiri bilan uzilib, yo‘q bo‘ladi. Xudo bu oilaga bittadan o‘g‘il berayotuvdi. Zelixonga buni ham ravo ko‘rmadi. Endi bu urug‘ quridi hisob... Zelixon buni avval ham ko‘p o‘ylagan, oila qurishni reja qilgan, ammo o‘y o‘yligicha, reja rejaligicha qolib ketavergan. Agar shu kelishida qishlog‘ida tinch-omon yashab qolsa, oila qurarmidi, Xudo unga ham o‘g‘il berarmidi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:11:25
    Zelixon maishat qilish istagini bildirgan bo‘lsa-da, tomog‘idan hech narsa o‘tmadi. «Nasibamni yeb-ichib bo‘lganman, shekilli?» deb o‘yladi u. Shu asnoda so‘nggi luqmani yuta olmay jon berayotgan bobosi ko‘z oldiga keldi.
    Fedya katta qadahni to‘ldirib ikki-uch ko‘tarishda bo‘shatdi. U topshiriqni qaerda, qachon, qay holda bajarish xususida aniq ko‘rsatmaga ega bo‘lsa-da, Zelixonning taklifi uni ikki yo‘l qarshisiga keltirib qo‘ygan edi. Har qanday odamning fikrini o‘g‘irlash jozibasiga ega bo‘lgan pul Fedyaning nozik qitiq patlarini o‘ynay boshlagan edi. Umri faqat pul o‘marish dardi bilan o‘tayotgan odam katta boylik haqidagi xabarga e’tiborsiz qarashi mumkinmi? Pul, boylik — go‘zal bir sanamki, uning to‘shagida orom olmaguncha ko‘ngil tinchlik bermaydi. Pul, boylik — o‘rgimchak to‘ri kabiki, kishi ko‘zi ochiq holatda bu to‘rni ko‘radi, oqibatda bu to‘r azobga giriftor qilajagini biladi, bilsa-da, yo‘ldan qaytmaydi, to‘r ortidagi go‘zal sanamdan hech bo‘lmasa bittagina o‘pich olish ilinjida tinchimaydi.
    Fedya hozir tinchini yo‘qotdi. «Aldayotgan bo‘lsa-chi?» degan savolga «aldasa ham o‘ladi, aldamasa ham o‘ladi. Sochida otdim nima-yu, qishlog‘ida otdim nima?» deb o‘ziga tasalli berdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:12:00
    Fedya qistayverganidan keyin Zelixon ham ichdi. Vujudi qizib, o‘lim vasvasasidan uzoqlasha boshlaganday bo‘ldi. Shunda ro‘parasidagi zulumot yo‘lagida bir chiroq yilt etganday bo‘ldi. «Panoh bor,— dedi u o‘ziga o‘zi.— Xongirey saqlay olmasa, saqlaydigan odamlar topiladi. Odam topilmaganda ham, men so‘lagi oqib yurgan noshud bola emasman-ku!»
    Fedyaning marhamati bilan Zelixon Valyaning yotog‘iga kirib chiqqach, yo‘lga otlandilar. Tuni bilan yo‘l yurib, tongotarda manzilga yaqinlashdilar. Yuqoriga o‘rlagan tog‘ yo‘lida Zelixon sergaklandi. U orqa o‘rindiqda, ikki yigit o‘rtasida, Fedya esa haydovchining yonida o‘tirardi. Yigitlar ham, Fedya ham mudrashardi. Zelixon haydovchini ham uyqu eltayotganini sezdi. Mashina tik jarlik yoqasidan o‘tayotganida Zelixon tavakkal qildi: qaddini ko‘tarib rulga yopishdi-da, mashinani jarlik sari burdi.
    U tasodif bilan tirik qolarman, deb fikr qilgan edi. Tasodif yuz bermadi. Ammo Xudoning unga rahmi keldi — jasadi kislota bilan kuydirilmay, ota yurti tuprog‘iga qo‘yildi. Faqat nasli nasabi noma’lum odam sifatida dafn etildi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:13:23
XXI  b o b

1

    Onasi unga: «Umid bilan yashagin, qizim, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘lib ketadi», deb qayta-qayta uqtirdi. Zaynab onasini ranjitmaslik uchun «xo‘p» deb qo‘ya qoladi. «Nimaga umid qilay, nima yaxshi bo‘lib ketadi?» deb o‘ziga o‘zi qayta-qayta savol beradi. «Mening umidlarim allaqachon jon bergan, ko‘milgan. Yoki hayotda bir umid o‘lgach, boshqasi tug‘ilishi mumkinmi? Yurak shunaqa bevafomi? O‘zi yillab ardoqlab kelgan bir umidni bo‘g‘ib, boshqasiga joy beraveradimi? Men endi nimaga umid qilay? Yana homilador bo‘lishni, tug‘ishni... bola o‘stirishnimi? Hayot shundangina iboratmi? Tug‘ilasan... tug‘asan... o‘lasan...»
Zaynab yolg‘iz qolgan kezlari ko‘pincha shularni o‘ylardi.
    U to‘lin oy va osmon singari topishmoqni istagan edi. Endi osmoni to‘lin oysiz tund bo‘lib qolgan damda nimaga umid qilsin? Bu osmonga yangi oy chiqishigami? Bu osmonga yangi oy yarasharmi ekan?
    Zaynab onasigagina achinardi. O‘lmay qolganini ham onasining baxtidan deb bilardi. «Xudo onamni avaylab, meni u uchungina saqlab qoldi», deb o‘ylardi. Keyingi yuvoshligi, mo‘’minligi ham onasi tufayli edi. Onasi aytgani uchun, oyog‘i tortmasa-da, Elchinga qo‘shilib keldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:14:00
    Oradan kunlar o‘tar, Elchin go‘yo Zaynabning o‘sha gapini unutganday, yo‘q, xuddi eshitmaganday edi. Na bir harakatida, na bir gapida o‘sha voqeaga ishora qildi. Bu Elchin uchun oson emasdi. O‘sha gap uning yuragidan tosh bo‘lib joy olgan, bu toshni eritish esa mushkul edi. Zaynabning nima sababdan shunday deganini anglash uchun ko‘p o‘ylardi. «Balki xiyonat qilgandir, lekin buni aytishdan maqsadi nima?» degan savolga javob topish uchun xayolning ming bir ko‘chasiga kirib chiqardi.
    Elchin hadeb uyda o‘tirmaslik uchun madaniyat uyiga ishga kirdi. Musiqa to‘garagiga nomigagina rahbar edi, aslida to‘yma-to‘y yuruvchi guruhi bilan shug‘ullanardi. Shart shu ediki, madaniyat uyi biron tadbir o‘tkazsa, ular havaskor ishchilar sifatida ishtirok etib berishardi. U Zaynab o‘ziga kelib olsin, degan fikrda bo‘sh kunlari ham «ishga ketyapman», deb uydan chiqib ketardi. Uning navbatdagi yanglishishi ham aynan shu edi.
    Zaynab uchun yolg‘izlik azob sahrosida sarsari tentirash kabi edi. Garchi Elchin bilan bo‘lganida yuragi ezilib tursa-da, uning ko‘chaga chiqishini istamay qolgan, ammo «men bilan uyda o‘tiring», deyishga tili bormas edi. Faqatgina Mardona keladigan kunigina Elchinning chiqib ketishini xohlardi. Faqat Mardonagina unga lazzat olib kelardi. Mardona kelishidan bir kun avval uning vujudi zirqiray boshlardi. Hamshira kelib, emlagach, og‘riq taqqa to‘xtar, yuragidan g‘ubor ham ko‘tarilardi. Mardonadan qiziq-qiziq hangomalarni eshitib, miriqib kulardi.
   
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:14:29
    Elchin Mardonani dastlab ko‘rganidayoq yoqtirmay qolgan edi. O‘rni kelsa aytaman, deb yurgan kezlari uyga kiyimini almashtirgani kirdi-yu, Zaynabning shodon kulgisini eshitdi. Bu kulgi Elchin uchun tansiq edi. Shu bois hamshiraning kelishiga monelik qilish fikridan qaytdi. Bu uning yana bir navbatdagi yanglishishi edi.
    Mardona endigi kelishida emlab bo‘lganidan so‘ng, Zaynabning bahri-dili ochilgan damda sumkasidan videokasseta chiqardi.
— Bir tanishimnikiga kiruvdim, zo‘r kino deb berdi. Birga ko‘rmaymizmi, qanaqa balo ekan? — dedi u. Zaynabga bu taklif ma’qul keldi. Chunki uyidagi kassetalarni uch-to‘rt martadan ko‘rib bo‘lgan edi.
    Bir necha daqiqadayoq filmning «qanaqa balo» ekani ma’lum bo‘ldi. Mardona to‘xtatarmikin, degan ma’noda Zaynabga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. Dori ta’siridan aqliga qulf urilgan, lazzat bulog‘ida cho‘milayotgan juvon televizorni o‘chirmadi. Mardona har ehtimolga qarshi:
— Voy o‘layin, voy sharmanda! — deb qo‘ydi.
Zaynab unga qarab bir kulimsiradi-yu, yana tomosha bilan ovora bo‘ldi.
    Nomi «chet el badiiy filmi» bo‘lgan bu tomoshada kishi aqli bilan o‘ylab topish mushkul bo‘lgan behayolik, sharmandalikning beadad turlari mavjud edi. Film o‘rtalaganda Mardona Zaynabga yaqin surildi. Avval yelkasiga o‘ng qo‘lini tashlab o‘ziga tortdi. So‘ng chap qo‘li bilan ko‘kragini ushladi. Zaynab bir siltandi-yu, keyin dugonasining qilig‘i yoqib, qarshilik bildirmadi.
Bu holva edi.
    Bundan beshbattari filmdan so‘ng bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:15:57
2

— Eringiz to‘ydami? — deb so‘radi Mardona.
— Ha,— dedi Zaynab entikib.
— Bir joyga bormaymizmi?
— Qayoqqa?
— So‘ramang. Eringiz maishat qilganida siz ham bir ayshingizni sursangiz, osmon uzilib yerga tushmas.
— Yo‘q, shu yerda o‘tiraveraylik.
— Men sizga yomonlikni ravo ko‘ramanmi? Xohlamasangiz o‘tiravering, men ketdim. O‘zim boraman. Buni ko‘rganimdan keyin joyimda yota olmayman.
    Zaynab o‘ylanib qoldi. Ammo bu o‘y aqlga urilgan qulf zulfini buza olmadi. Itoatkorlik bilan o‘rnidan turib, kiyimini o‘zgartirdi. U hozir cho‘pon yetovidagi qo‘y holiga kirgan edi. Uning ko‘ngli nimanidir tusardi, u nimagadir yetishmoqni istardi. O‘sha «nimadir» uning xayolini o‘g‘irlagan, fikrlash yo‘llarini tamom to‘sib tashlagan edi. O‘sha «nimadir» tomirida qonni gupirtirib oqayotgan qoradori ekanini, ko‘rgan tomoshalari esa ruhini loyqalatib tashlaganini hozir idrok eta olmas edi.
    Ular katta ko‘chaga chiqishib, yo‘lovchi mashinani to‘xtatishdi. Mashinada Mardona uning belidan mahkam quchib bordi. Mardona aytgan ko‘chaga burilgach, haydovchi «qayoqqa yuray?» deb so‘radi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:16:32
— Hammom oldida to‘xtating,— dedi Mardona amr ohangida.
Mashina to‘xtab, Zaynab tushgach, Mardona haydovchiga:
— Yarim soatcha poylab tura olasizmi? — dedi.
— Puliga chidasangiz, ertalabgacha ham turaveraman,— dedi haydovchi.
— Qoyilman, o‘g‘il bola! — dedi Mardona.
— Zakalat tashlab keting,— dedi haydovchi.
Mardona sumkasidan pul olib unga uzatdi:
— Sizdaqa o‘g‘il bola kerak menga, keyin gaplashib olamiz. — Mardona shunday deb bir ko‘zini qisib qo‘ydi.
    Ular hammomning hovuzli bo‘lmasiga kirdilar. Mardona patta ham olmadi. Birovdan «kirsak bo‘ladimi, bo‘shmi?» deb so‘rab ham o‘tirmadi. O‘z uyida yurganday to‘g‘ri kirib bordi. Zaynab «qanaqa joy bu o‘zi?» deganday atrofga bir alangladi. Odamlarning e’tiborsiz turganini ko‘rib, indamay dugonasiga ergashdi.
    Ichkari kirib, eshik zulfini solgach, Mardona stol ustida yopig‘liq oq dasturxonni yig‘di. Zaynab tayyorlab qo‘yilgan yemak-ichmakni ko‘rib ajablandi. Mardona esa pivoni shartta ochib ikki piyolaga quydi-da, manzirat qilib o‘tirmay, ichib yubordi. So‘ng:
— Bu yerda pivo yaxshi ketadi,— deb labini yaladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:17:09
    Yechinib, issiqxonada o‘tirdilar. Bu yerda ham Mardona uydagi qilig‘ini qildi. Bu safar uning harakatlari avvalgiday xush yoqayotgan bo‘lmasa-da, Zaynab qarshilik ko‘rsatmadi. So‘ng hovuz labiga borishdi. Bu yerda ham Mardona uning oq badanini ehtiros bilan silab, kutilmaganda suvga itarib yubordi. Keyin qiyqirib kulganicha o‘zini hovuzga otdi. Ikki dugona ancha vaqtgacha qiyqirib, bir-birlariga suv sepib o‘yin qildilar. Suvdan chiqishgach, Mardona Zaynabning yelkalarini silab:
— Buni qara, kumushdek tovlanib ketding. Bunday badan katta otarchiga xayf...— dedi.
Issiqxonadan so‘ng salqinroq suvga tushib, ruhidagi loyqa tina boshlagan Zaynab bu gapni eshitib, yengil seskandi.
«Kumushdek... tovlanib ketding...»
    Mardona bu gapni aytganda Kumushbibini nazarda tutmagan bo‘lsa-da, Zaynabning ko‘z oldida o‘zi sevgan, yillar bo‘yi qalbining to‘rida ardoqlab-asragan mo‘’mina ayol gavdalandi. Shu asnoda aqlini bandi etib turgan qulf buzilib, nimalar qilganini idrok eta boshladi. Idrok etgani sayin o‘zidan o‘zi nafratlanaverdi. Mardona undagi o‘zgarishni sezib:
— Hm, o‘rtoqjon, nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
— Issiq yoqmadi shekilli,— dedi Zaynab bir oz dovdiragan holda.— Men chiqib tura qolay.
— Mayli, men yana bir sho‘ng‘ib chiqaman,— Mardona shunday deb yana pivodan simirib, o‘zini suvga otdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:18:10
    Zaynab tez-tez kiyinib, tashqariga chiqdi. Nima qilarini bilmay dovdirab turganida mashina signali chalinib, haydovchining:
— Men bu yerdaman,— degan ovozini eshitdi.
Zaynab avvaliga «sen kimsan?» deganday unga ajablanib qaradi. So‘ng bu yerga shu mashinada kelganini eslab, tez-tez yurib borib, o‘tirdi-da, «ketdik», dedi.
— Opoxonimiz-chi? — dedi haydovchi.
— Uni qaytib kelib, olib ketasiz.
— Puliga chidasalar bo‘ldi. Qaytib kel, desalar qaytib kelaveraman. Qayoqqa qarab hayday?
Zaynab uyiga qaytsa, Mardona izma-iz yetib kelishidan xavotirlanib, ota hovlisiga bormoqni ixtiyor etdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:19:06
3

Mardona ertasiga qo‘ng‘iroq qildi.
— Ha, o‘rtoqjon, nima bo‘ldi? — dedi u o‘pkalanib.
Zaynab uning ovozini eshitdi-yu, yuragi hapriqib, yuzlari qizarib ketdi.
— Sal mazam qochdi,— dedi u sovuqroq gapirishga harakat qilib. U kechagi voqeadan so‘ng Mardonani ko‘rishni istamay qolgan edi. Mardona uning muomalasidagi sovuqlikni sezsa-da, quvnoq ohangda davom etdi:
— Shunday zo‘r maishatdan quruq qoldingiz. Mayizdek bo‘lib borardik. Otasi o‘pmagan yigitlarni ko‘rardingiz. Siz uchun bugun boshqatdan tashkil qilamiz.
— Yo‘q, yo‘q,— dedi Zaynab.— Kerakmas. Meni bunaqa ishlarga... boshlamang. Umuman... endi biznikiga kelmang.
— Kassetamni olgani borsam-chi?
— Kasseta?.. Men uni majaqlab, axlatga tashlab yubordim.
— Shunday jonon narsani-ya! — Mardona kuldi. Zaynab go‘shakni qulog‘idan uzdi. Ammo joyiga qo‘ymadi.
— O‘rtoqjon, eshityapsizmi? Mayli, kelma, desangiz bormayman. Lekin uch kundan keyin mensiz turolmay qolasiz. Meni o‘zingiz chaqirasiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:19:39
Bu gapni eshitib Zaynab ajablandi-da, go‘shakni qulog‘iga olib bordi:
— Uch kundan keyin? Nimaga?
— Uch kundan keyin dorini qo‘msaysiz.
— Qanaqa dorini?
— O‘shanda bilasiz. Men ginachi emasman. Telefon qilsangiz, yetib boraman. Tortinmay chaqiravering.
    Bu gapdan keyin Mardonaning nima demoqchi ekanini anglaganday bo‘lib, Zaynab qo‘rqqanidan titrab ketdi. Bilagidagi igna izlariga qaradi. «Yo‘q, yo‘q, bo‘lishi mumkin emas», deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Lekin uning bu tasallisi o‘lib o‘layolmay, tuzalib tuzalayolmayotgan bemor kabi edi. U endi ana shu o‘lim to‘shagidagi tasalli bilan kuch yig‘ayotgan navqiron gumonga asira bo‘ldi.
    «Hali hammomdan chiqqach, yana bir sharmandalikka boshlab borar ekan-da?! Maqsadi nima uning? Nahot meni shunday sharmandalik ko‘chasidan qaytmas juvon deb o‘ylasa? Nahot meni buzuq deb o‘ylasa?! O‘zi-chi? O‘zi shu qadar buzuqmi? Men shu buzuq bilan apoq-chapoq bo‘ldimmi? Hatto opa-singil tutinishni fikrladimmi? U mening kimligimni biladi-ku? Nahot bu shaharda Asadbekdan cho‘chimaydigan bir buzuq topilsa?» Zaynab shularni o‘ylab, otasiga aytmoqni ham fikr qildi. Biroq, otasining qahridan qo‘rqdi. Yana arqonni picha uzun tashlamoqni, Mardona bilan yakka o‘zi olishib ko‘rmoqni lozim topdi. «Shunday bir shilta bilan olishib yenga olmasam, men Asadbekning qizi emasman!» deb qo‘ydi. Shunday deb katta ketgan bo‘lsa-da, Mardona aytgan uch kunning o‘tishini xavotir bilan kutdi. Tasalli bilan gumonning hayot-mamot jangi shu uch kun badalida hal bo‘lishi kerak...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:20:00
    Uchinchi kunga o‘tar kechasi uyqusining tayini bo‘lmadi. Endi ko‘zi ilinganida bosinqirab uyg‘onib ketaverdi. Bir mahal qattiqroq baqirib yuborib, Elchinni ham uyg‘otdi. «Nima gap, tinchlikmi?» degan savolga «bosinqirabman», deb qisqa javob bera qoldi. Elchin charchab kelgani sababli xotinining holatiga e’tibor bermay yana uyquga ketdi.
    Asad oyining o‘n beshi. Kunduzi quyosh taftidan horigan osmonga to‘lin oy hukm o‘tkazadi. Zaynab bosinqirab uyg‘onganida Oy deraza ro‘parasiga kelib, hobgohni nurga belay boshlagan edi. Zaynab chalqancha yotib, Oyga tikildi. «Oy qachondir bir gunoh qilib yuzi sharmandalikdan dog‘ bo‘lgan ekan. Necha ming, balki million yildan beri bu dog‘ni ketkiza olmaydi. Balki Oy odamlardan uyalgani uchun ham faqat kechasi chiqar? Men-chi? Bir qadam qolgan ekan-a... Meni Kumushbibining ruhi saqlab qoldimi? Shundaydir. Balki derazadan tushayotgan nur Oyniki emas, Kumushbibi ruhining nuridir? Qani edi shunday bo‘lsa. Qani edi, Kumushbibining ruhi o‘zimni, uyimni sadoqat, poklik nuri bilan o‘rab, himoya qilsa. Qani edi. Otabek begimning ruhi erimning yuragiga muhabbat otashini bersa... Otabek bir tug‘ilib qolgan ekan. Endi Otabeklar yo‘q. Kumushbibimning zaharlanib o‘lgani bir jihatdan durust bo‘lgan ekan. Agar dunyo aylanib hozir tug‘ilsamidi... Hozir tug‘ilsa Kumushbibi bo‘la olmasdi. O‘zi aytmoqchi, Tuproqbibi bo‘larmi edi... Xuddi menga o‘xshab... Men Tuproqbibi emasmanmi axir?..» Shu kabi xayollar oqimiga berilgan Zaynab yana mudradi. Sal o‘tmay yana uyg‘ondi. Shu tarzda xavotirlanib kutgani uchinchi kunga yetdi. Ammo xavotiri o‘rinsiz chiqdi. Vujudida o‘zgarish sezmadi. Mardonani la’natladi. Ko‘ngliga sevinch oftobi mo‘raladi. Lekin bu sevinch nuri qora bulutlar chokidan asta qarab qo‘ygan oftob misoli aldamchi edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:21:01
    Kun asr vaqtidan o‘tganida hovli qizib, o‘tirib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Zaynab ichkari kirib salqin xonadagi o‘rindiqqa yonboshlab, televizorni yoqdi. Keksaroq bir baxshi do‘mbira chertib doston aytardi. Zaynab baxshilarning ovozini xirillatib aytishlarini yoqtirmas edi. Shu tufayli televizorni boshqa kanalga olmoqchi bo‘ldi. Biroq, baxshining tilidan uchgan bayt uni to‘xtatdi:

Xazon bo‘lgan bog‘da gul so‘larmikan,
So‘lgan gulga bulbul kep qo‘narmikan..
.

    «Aqlli gap ekan,— deb o‘yladi u.— «So‘lgan gulga bulbul kep qo‘narmikan...» Xuddi men haqimda aytilganga o‘xshaydi.»
    Baxshi «Barchin» ismini tilga olgach, «Alpomish» dostoni aytilayotganini fahmlab, diqqat berib tingladi.
    «...Lochin qo‘ngan to‘shimga qarg‘ani qo‘ndirmayman...»
Barchin tilidan aytilgan bu gap Zaynabni larzaga soldi. Salqin uyda havo yetishmaganday tuyulib, tashqariga chiqdi. Yuziga issiqlik seli urilib, yanada loxas bo‘lib, iziga qaytdi. Baxshi do‘mbirani shitob bilan chertib, doston aytardi.
    «...Lochin qo‘ngan to‘shimga qarg‘ani qo‘ndirmayman...»
«Lochin kim? Erimmi? Yo‘-o‘q... u lochin bo‘la olmaydi.  Bu  to‘shga  lochin qo‘nmay o‘tdi. Qarg‘a qo‘ndi...»
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:21:24
    Zaynab Jamshidni eslab, yuragi ezildi. Yurak to‘lg‘og‘ini kutib turganday vujudi ham zirillay boshladi. Zaynab asabini tinchlantirish uchun xapdori ichib yotdi. Vujudi bir oz orom topganday bo‘ldi. Baxtiga eri bugun to‘yga ketmadi. Birga ovqatlanib, so‘ng gaplashib o‘tirishdi. Zaynab saboqdosh toliba dugonalarini sog‘inganini, mehmonga chorlash niyati borligini aytdi. Elchin bu fikrni ma’qullab, «qo‘lbola osh bizdan», deb ko‘nglini ko‘tardi.
    Mardona aytgan holat yarim tunda to‘satdan boshlandi. Zaynab bezgak tutganday titrardi. Ko‘ngli aynib o‘qchirdi. Elchin qaynonasini bezovta qilgisi kelmay, «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildi. Tabib kelib, lozim tekshiruvini o‘tkazgach, bir bilakdagi igna izlariga, bir Elchinga qarab yelka qisdi. Elchin uning nima demoqchi ekanini anglab, bosh chayqadi-da:
— Yaqinda kasalxonadan chiqdi. Hamshira kelib emlab turibdi,— dedi.
— Qanaqa dori, ko‘rishim mumkinmi?
— Hamshira dorini o‘zi olib keladi,— dedi Zay-nab ingrab.
— Emlaganidan keyin yengil tortarmidingiz?
— Ha.
— Nima ekan u? — tabib o‘ylanib, gardanini qashidi.— Agar istasangiz kasalxonaga olib ketay?
— Do‘xtir, bu Asadbekning qizi,— dedi Elchin, uning qulog‘iga shivirlab.
— Men uchun buning hech bir ahamiyati yo‘q. Men kasal ko‘rgani kelgan odamman,— u shunday deb qutisini kavlashtirib dorilarni tanlagach, Zaynabni emladi-da, ketishga hozirlandi.— Tinchlantiradigan dori berdim. Hozir uxlaydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:21:47
Elchin uni ko‘chaga qadar kuzatib chiqdi.
— Men sizni tanidim,— dedi tabib, xayrlashish uchun qo‘l uzatib.— Menga shuning o‘zi kifoya edi. Asadbekni eslatib, o‘zingizni pastga urdingiz. Dard «bu Asadbekning qizimi?» deb surishtirmabdi-ku, to‘g‘rimi? Nima uchun shifo surishtirishi kerak ekan? Past ketmang, hofiz og‘ayni, sira past ketmang.
    Elchin mulzam bo‘lib qolaverdi. Uyga qaytib kirganida Zaynabning titrog‘i ancha kamaygan, nafas olishi ham mo‘’tadillashgan edi. Elchin uning ustidagi choyshabni tortib, to‘g‘rilagan bo‘ldi-da, o‘zi divanga yonboshladi.
    Zaynab uyg‘onganida vujudini nimadir bosib turganday his etdi. Tungi bezgak xuruji chekingani uchun og‘irlikka parvo qilmaslikka tirishib, o‘rnidan turdi-da, choy qo‘ydi, nonushta tayyorladi. Elchin xotinining harakatlariga qarab «ancha tuzuk», deb o‘ylasa-da, baribir so‘radi:
— Oyingni chaqiraymi?
— O‘zim chaqiraman. Yo‘q, uyga borib kelaqolaman.
— Unda olib borib qo‘yaman.
— Yo‘q, ketavering, birpasdan keyin boraman.
— Seni dorilar ham qiynab qo‘ydi chamamda. Ba’zi dardlarni badanning o‘zi ham yengib tashlaydi. Hadeb dori ichib qiynash kerakmasdir.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:22:06
— To‘g‘ri aytasiz, Mardonaga boshqa kelmang, deganman.
— Dugona sifatida kelaverishi mumkin.
— Yo‘q, yo‘q, u menga qanaqasiga dugona bo‘lsin. Shunchaki... hamshira.
Zaynab ezgin kayfiyatda bo‘lgani sababli Elchin gapini kalta qila qoldi. Ishga otlana turib:
— Bugun rayonda kontsertlarimiz bor. Oyingnikiga borsang, yotib qolaver. Ertalab o‘zim xabar olaman,— dedi.
    Zaynab itoatkorlik bilan «xo‘p» dedi. Eri ketgach, uyni yig‘ishtirib, onasinikiga otlanayotganida yana bezgak titrog‘i xuruj qildi. Bu safar oyoq-qo‘li akashak bo‘lib qoldi. Bu holatidan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. «Endi o‘laman shekilli?» deb o‘yladi. Bu o‘y uni holi qoldirmay turib, xayoliga Mardona keldi. Azob iskanjasidagi Zaynabga Mardona najot farishtasi kabi ko‘rindi. Uning ko‘z oldida shilta qiliqlar qilayotgan juvon emas, jilmayib turgan bokira qiz sifatida ko‘rindi. U bezgak titrog‘iga ortiq dosh berolmay, telefon raqamini terdi. Mardonaning ovozini eshitib, azroil jonini qaytib berganday suyundi.
— Tez keling, kelmasangiz o‘laman,— dedi titroq ovozda.
— Sabr qiling, jonim, hoziroq yetib boraman,— dedi Mardona.
Chindan ham u tez yetib keldi. U kirganida Zaynab uy burchagida g‘ujanak bo‘lib olgan, bir nimadan qo‘rqqanday titrardi. Mardona uni qo‘lidan ushlab turg‘azib, so‘ng divanga yotqizdi. Zaynab unga mo‘ltillab qaradi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:22:26
— Yonimda dori yo‘q,— dedi Mardona sovuq ohangda.
— Nimaga? — dedi Zaynab.
— Dori beradigan odam «o‘zini olib kel», dedi.
Zaynab avvaliga bu gapning mazmunini anglamadi. Tushungach, ko‘zlarini katta-katta ochib:
— Menga berayotganingiz qoradorimidi? — deb so‘radi.
— Nima deb o‘ylovdingiz? — dedi Mardona kulib.— Emlagandan keyin mazza qilardingiz-ku? — Shunday deb Zaynabning ko‘kragiga qo‘l yubordi.
Zaynab o‘zida qandaydir kuch topib, bu qo‘lni urib yubordi-da, o‘rnidan turdi:
— Hayvon! Fohisha! Yo‘qol! — deb baqirdi.
Mardona zaharli jilmaydi.
— Betahorat benamozni bo‘yniga qo‘ygan ekan. Men o‘z xohishim bilan kelmadim. Siz chaqirdingiz, haydasangiz ketaman. Ammo keyin yalinsangiz ham qaytmayman. O‘ylab ko‘ring, ko‘chada mashina kutyapti. Bir necha lahzada yetamiz. Og‘riqlardan qutulasiz. Rohatlanasiz. Rohat o‘rniga azobni yaxshi ko‘rsangiz, nima derdim, men ketdim...
    Zaynab Mardona darvozaga yetguniga qadar chidadi. So‘ng og‘riqqa ortiq bardosh bera olmay baqirdi:
— To‘xtang!
Mardona darvoza ostonasida to‘xtadi. Zaynab esa buzuqlik ostonasida o‘zini to‘xtata olmadi. Uning ostona hatlashi Asadbekning Krasnoyarda kasalxonaga yotgan kuniga to‘g‘ri keldi.
 
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:23:11
XXII  b o b

1

    Mashina o‘rnidan jilganida biqiniga ikki musht tushgach, Anvar o‘zini u yoq-bu yoqqa urishning foydasi yo‘qligini, haqiqat talab qilsa yana musht yemog‘i mumkinligini fahmlab, tinchidi. Uning g‘azabdan yonayotganini tez-tez nafas olishigina oshkor etib turardi.
    Mashinadan tushib o‘zini notanish jinnixonada ko‘rdi-yu, hayratlandi. Qabriston yaqinida jinnixona mashinasi kutib turganidan u ajablanmagan edi. G‘azab otashida yonayotgan bo‘lsa-da, bu ishni Xolidiy ustalik bilan uyushtirganini tushungan edi. «Yana eski tos, eski hammom», degan fikrda o‘zini avvalgi jinnixonada ko‘rarman, devdi. Boshqa jinnixona uning uchun kutilmagan zarba bo‘ldi.
— Nimaga meni bu jinnixonaga olib keldinglar?— deb so‘radi u, yetaklab kelayotgan yigitdan.
— Senga atab qurilayotgani hali bitmabdi,— dedi yigit do‘ng‘illab.
— Men to‘g‘rilikcha so‘rayapman.
— Men qiyshaytiribroq aytyapman.
— Odam emas ekansan.
— Haligi musht kamlik qildimi?
Anvar uning basharasiga bir qarab olib «Turqi sovuq odamdan iliq gap chiqarmidi», deb qo‘ydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:23:31
    Tibbiy tekshiruv naridan-beri o‘tkazildi-da, ikki oshyonli imoratning birinchi qavatidagi to‘rt kishi yotishiga mo‘ljallangan xonaga boshlab kelishdi. Deraza yonidagi karavotdan tik turib olib o‘ng qo‘lini olg‘a cho‘zgan bemor Anvar kirib kelishi bilan unga qarab xitob qildi:
— Yashasin, sovet jinnilari, ura! — Shunday degach, u quvonib chapak chaldi-da, indamay turgan Anvarga o‘shqirdi: — Sen nima uchun olqishlamayapsan? Sen sovet jinnilariga qarshimisan? Ha, ha, sen jinni dushmanisan! — U shunday deb barmog‘ini bigiz qilganicha karavotidan tushayotgan edi, Anvarni kuzatib kelgan yigit unga qarab baqirdi:
— Joyingga qayt, qimirlama! Bu ham o‘zingdan, dushman emas. G‘iring desang, yeysan!
Xitobchi barvasti mushtni ko‘rgach, nafasi qaytdi. U, garchi esi og‘ib qolgan bo‘lsa-da, mushtning qadrini bilar edi.
    Xonadagi yana ikki bemor indamaslar toifasidan ekan. Kuzatuvchi chiqib ketgach, xitobchi yana Anvarga qaradi:
— Men bilan kommunizmga bormaysanmi?
    «Bitta arbob, ikkita indamas jinni hamkorligida yana qayoqqa borish mumkin?» deb o‘yladi Anvar. Savolga javob berguday bo‘lsa bu «arbob»dan qutula olmasligini bilib, o‘zini indamaslar safiga qo‘shishni ma’qul ko‘rdi. «Arbob» bir-ikki savoliga javob ololmagach, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:24:26
    Kechki ovqatdan so‘ng dori-darmonlarni qabul qilishgach, hamxonalari odobli bolalar kabi yotib, uyquga ketishdi. Anvar ham yotdi, ammo ostiga tikonli to‘shak solinganday orom topmadi. Avval qaddini ko‘tarib o‘tirdi. So‘ng turib, dahlizga chiqdi. Navbatchi hamshira o‘rnida barvasta, yonog‘ida tukli xoli bor ayol katta daftarga nimadir yozib o‘tirardi.
— Nimaga chiqding, kirib yot,— dedi u qo‘pollik bilan.
— Uyqum kelmayapti, bugun olib kelishdi meni. Kelajagi porloq jinnilardan bo‘lsam kerak. Qo‘rqmang, qochib ketmayman.
— Qochib go‘rga borarmiding, bor kirib yot, boshimni og‘ritma.
Avvalgi jinnixonada ham navbatchi hamshira uni kirib yotishga undagan edi. Ammo bu tarzda emas, yalinish ohangida iltimos qilib edi. Shunda Anvar unga bir she’r aytgan, u «yaxshi she’r ekan», deb bir oz suhbatlashgan edi. Anvar garchi bu xotindan yaxshi gap chiqishiga gumonda bo‘lsa-da, o‘sha she’rni o‘qigisi keldi:

Bahorda gurkirab avj olgan chechak,
So‘lar xoh istama, xohi sen ista.
Unga yor na o‘tmish, na-da kelajak,
Tuproqqa jo bo‘lib ketar ohista.
Shuning-chun so‘nggi bor kuylaydi qumri
Bilmam ne marsiya, bilmam ne vola.
Hey, mening umrimdir chaqmoqning umri
Bir chaqnab mahv bo‘lsam chekmagin nola!

Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:25:12
Navbatchi yozishdan to‘xtab, unga g‘alati qaradi:
— Nima balo, shoirmisan? — deb so‘radi, she’r o‘qib bo‘lingach.
— Yo‘q, jinniman,— dedi Anvar istehzo bilan.
— Jinniliging bilinib turibdi, kirib yot dedim senga.
Anvar «xo‘p bo‘ladi» dedi-da, orqasi bilan yura turib yana bir to‘rtlik o‘qidi:

— Yomg‘irdan so‘ng ochildi bog‘lar,
Endi yellar girdikapalak.
Astagina titrar yaproqlar,
Xayr dema, beozor malak...


Navbatchi ayol so‘nggi satrni noto‘g‘ri anglab, qo‘lidagi qalamni taq etib stol ustiga qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi:
— Qani, kir ichkariga, deyapman! Hali men senga malay bo‘ldimmi, huv turqing qursin!
    Anvar bu yer she’r o‘qiydigan, hazillashadigan joy emasligini anglab, shoshib ichkariga kirdi. Navbatchi hamshira eshikni ochib, to u joyiga yotgunicha qarab turdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:25:41
    Anvarga alam qildi. Aslida u yurakni siqayotgan iskanja azobidan bir damgina bo‘lsa ham qutularman, degan niyatda dahlizga chiqqan edi. Avvalgi jinnixonada aynan shunday bo‘lardi. «Bu yer nima o‘zi — jinnixonami yo qamoqxonami?» deb o‘yladi u.
    Alamdan holi bo‘lmoq uchun xayolini chalg‘itishga urindi. Qo‘lini bolish qilib, chalqancha yotganicha o‘y o‘yladi: «Uyimga xabar bergani kim borgan ekan? Har holda «eng kichik ilmiy xodim»ni yugurtirishadi. U bechoragina bo‘ynini qisib turib ming‘irlaydi. Nima deydi? «Ishda birdan kasallari tutib qoldi», dermikin yo... ha, «ustozlarining o‘limidan qattiq qayg‘urdilar» der. Shunday degani durust, shunisi sal obro‘liroq. «Bir oz dam olsin, davolansin, deb kasalxonaga («jinnixonaga» demaydi) joylashtirishdi» deydi. Deydi-yu, zipillab iziga qaytadi...»
— Ha, aynan shunday bo‘ldi.
Anvar tanish ovozni eshitib, sergaklandi.
— Kim bu? — dedi pichirlab.
— Tanimadingmi? Asqar akangman.
— Siz?..
— Men seni ko‘rgani keldim. Meni ham shu yerda sen kabi «davolashgan».
— Navbatchi xotinni taniysizmi?
— Tanimay-chi? Agar uni mol desang, dunyodagi barcha mollar haqoratga chiday olmay «meni kelib-kelib shunga o‘xshatdingmi», deb o‘zini osadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:26:27
— Sizning she’ringizdan o‘qigan edim, tushunmadi.
— She’rni xor qilma, uka.
— Odamlar nima uchun bunday tuyg‘usiz bo‘lib ketishyapti?
— Buni anglashing uchun yonimga kelishing kerak. Men bilan sening olaming boshqa.

Haqsizlikni ko‘rsam qalbim bozillar,
Vo darig‘, mum tishlab turar fozillar
.

    Esingdami bu satrlar? Fozillar nechun mum tishlaydilar, anglab yetmadingmi? Sen aqlli yigitsan. Do‘stlar uchun ming bir fazilating ham kam, dushman uchun bir fazilating ham ko‘p ekanini bilasan. Odam bu dunyoga yalang‘och keladi. Ketishida o‘zi bilan hech nima olmaydi. Ololmaydi. Unga ikki quloch surp, ikki quloch yer kifoya. Hech narsasiz kelib, hech narsasiz ketishini bilsa ham bir chimdimgina umrida boylik talashadi, amal talashadi, obro‘ talashadi. Sen Xudoga shukr qil. Biz bunday bachkana narsalardan ustun turdik.
— Men bir ko‘hna kitobda o‘qiganman: kimiki o‘z nafsini xor tutsa, Xudo uning qadrini oshirarkan. Kimki o‘z nafsini izzat qilsa, Xudo bandalari oldida uni xor qilarkan.
— Ayni haqiqat bu. Eshit:

Ko‘kdagi qush pastdan luqma izlaydi,
Pastda sayyod ov qilmoqni istaydi.
G‘alati bu manzara.
Samodagi tuzoq nima ham bilmagay,
U hech kimga itoat ham qilmagay
Bir qara-ya, bir qara.

Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:26:50
Angladingmi? Endi yo‘lga otlan. Sen bilan mening joyim samolarda.
— Samolarda? Yerda-chi? Bunda kim kurashadi? Kim adolat uchun boshini tikadi? Siz aytgan edingizki «Nafsi yomon katta baliq og‘zin ochib, yutdi kichik baliqlarni daryoda hey...» Shunday bo‘lib qolaveradimi? Ayting?
    Nechundir javob bo‘lmadi. Anvar ajablanganicha qaddini ko‘tarib atrofga alangladi. Asqar Qosimning ovozi o‘rniga hamxonalarining xurragi eshitilib, entikdi. «Men chindan shoir bilan suhbatlashdimmi yo alahsirab o‘zim bilan o‘zim gaplashdimmi? Asqar aka nimaga da’vat etdi? Yo nurdan elchi bo‘lib keldimi?»
— Sen o‘zing bilan o‘zing gaplashding. Biz elchi yubormaymiz.
Anvar tanish ovozni eshitib, shoshilganicha derazaga qaradi: derazadan nur poyandoz kabi tushib turardi.
— Nima uchun meni yo‘ldan qaytardingiz? Asadbeklar bilan ketganimda bu ko‘rgilik yo‘q edi.
— Bu bizning istagimiz emas, taqdiring shunday. Taqdirdan hech yoqqa qochib qutula olmaysan. Sen endi bu dunyoda yashay olmasligingga amin bo‘ldingmi? Senga so‘nggi imkoniyat beramiz. Istasang, ustozing Hikmat O‘rolov bilan uchrashtiramiz.
— Istayman.
— Nurga oyoq qo‘y.
Ko‘z ochib yumgunicha Anvar o‘zini safolik boqchalari bor go‘zal manzarali bir yerda ko‘rdi. Hikmat O‘rolov favvora yonida o‘tirardi. U qo‘lidagi kitobni qo‘yib, o‘rnidan turdi:
— O‘, azizim, sizni ko‘rganimdan bag‘oyat xursandman. Qarang, ilohiy osoyishtalikka ham yetishdim.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:27:04
— Sizni  oxir-oqibat  yedi, u maraz! — dedi Anvar.
— Unday demang, azizim. Men xursandman. Xudo jonimni do‘stlarim qo‘li bilan emas, g‘animlarim qo‘li bilan olganidan ham quvonaman. Dushmaning qo‘lidan qazo topmoq ham bir baxt, azizim.
— Bu gapingizda jon bor. Muhimi — siz jallodingiz umridan ko‘proq umr ko‘rasiz.
— Yanglishmang. Hali ular ko‘p yashaydilar. Ular omadli odamlar. Eshitmaganmisiz, omadli odamlarning xo‘rozi ham tuxum qilarkan. Bilasizmi, arablar qahva ichishayotganda nima deydilar? Ular der ekanlarki, birinchi qultum achchiq — hayot kabi, ikkinchisi— lazzatli — muhabbat kabi, uchinchisi — sirli —  o‘lim kabi. Biz uchchala qultumni ichib bo‘ldik. Sirning tagiga ham yetdik. Endi navbat sizniki.
— Siz ham meni chorlaysizmi?
— Boshqa yo‘l yo‘q-ku?
— Har bir odam tug‘ilganidayoq o‘limga mahkumdir. U umri bo‘yi hukmning ijrosini kutib yashaydi. Har kuni bir o‘lib, bir tiriladi. Hukm qay holda, qachon ijro etiladi — Xudo biladi.
— Hukm ijrosini tezlatmoq mumkin.
— Shoshilmang. Men hali bir masalani hal qilib olishim kerak.
— Qanday masala? Balki birga yecharmiz?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:27:18
— Masala shuki, odam bolasi har bir narsani oldindan bilishni istaydi. Ko‘p narsalarga oldindan tayyorgarlik ko‘radi. Ammo o‘lim onlarini kam o‘ylaydi, kam tayyorlanadi. Xo‘sh, so‘nggi nafas qanday bo‘ladi? Nahot odam bu bilan qiziqmasa? Birinchi nafas, ko‘z ochib dunyoni ko‘rish o‘z ixtiyorida emas. Ammo so‘nggi nafasiga tayyorlanishi mumkin-ku? Pokiza holda ketadimi bu dunyodan yo harom holidami — o‘ziga bog‘liq-ku?
— Siz, azizim, masalaning bu tomonidan xotirjam bo‘ling. Sizning safaringiz xayrli, bu olamga pokiza holda kirib kelasiz. Qo‘ying, u g‘ovak qamishlarni, balchiqqa belanib yashayverishsin. Siz bag‘rimizga keling.
    Hikmat O‘rolov shunday deb ko‘zdan yo‘qoldi. Anvar nur oqib kirayotgan deraza ro‘parasida yolg‘iz qoldi. Yo‘q, u yolg‘iz emasdi. U bu dunyoni tark etgan yaxshilarning ruhi bilan birga edi. Bunday holat uch kun takrorlandi. Uchinchi kuni ovqat ham yemadi. Chanqaganini ham sezmadi. Behalovat tunda yana tanish ovozni eshitdi. Yana derazadan nur oqib kirdi.
— O‘rningdan tur, choyshabni ol. Uzunasiga yirtib, arqon qilib esh. Hojatxonaga chiq. Derazadagi temir panjaraga arqonning bir uchini bog‘la. Bir uchini sirtmoq qil. Uch-to‘rt daqiqa kifoya. Biz seni butunlay olib ketamiz. Istasang xat yozib qoldir. Xolidiyni aybla. U tinchini yo‘qotsin...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:28:15
    Ovoz tindi. Ammo Anvarning ruhiga egalik qilayotgan shaytoniy his uni o‘rnidan turishga, choyshabni olib yirtishga undayverdi. Nihoyat, u o‘rnidan turdi-da, choyshabni olib yirtdi. Arqon qilib eshdi. So‘ng eshik tomon yurdi. Ostonaga yetganida iziga qaytdi. Qog‘oz-qalam olib yozdi. G‘ira-shirada yozayotgan xatlari beo‘xshov chiqayotganligiga e’tibor bermadi.
    Tasodifni qarangki, uning yozganini o‘sha — yonog‘ida tukli xoli bor navbatchi hamshira birinchi bo‘lib o‘qidi:

Boshginamga ag‘anagan, katta tog‘lar, alvido!
Men ketarman hasratlanib, ruhi sog‘lar alvido!
Bu dunyoning sho‘rishiga navnihollar tebraning,
Esliroq bog‘boni yo‘q, qoldi bog‘lar alvido!
               Asqar Qosim.


Hamshira buni o‘qib, tushunmay yelka qisdi-da «qiziq, g‘irt jinni ekan-ku», deb qo‘ydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:30:09
XXIII  b o b

1

    Chuvrindi, Asadbek tayinlamasa ham ertalab, kechqurun Manzura, Kesakpolvon, kechqurun esa o‘z uyidagilar bilan telefonda gaplashib turar edi. Krasnoyarga kelishganining sakkizinchi tuni kutilmaganda Chuvrindi bilan Jalil qo‘ngan uyning telefoni jiringladi. Mehmonlarning xizmatini qilib yurgan yigit Chuvrindini uyg‘otib, bir ayol shoshilinch so‘rayotganini aytdi. Chuvrindi Manzuraning ovozida xavotirni sezib, sergaklandi.
— Maskovdan doktor Xudoyor degan bir kishi telefon qildi. Olmondan keldim, deydi. O‘g‘illaringizga taalluqli gapim bor, deydi. Bu gapini faqat akangizga aytarmish. Yuragim yorilib ketay deyapti.
Manzura so‘nggi so‘zlarini yig‘lamsirab aytdi.
— Xavotirlanmang. Bolalar biror zarur gap ayttirib yuborishgandir. O‘g‘il bolaning faqat otasiga aytadigan gapi ham bo‘ladi, bilasiz-ku. Bu yoqqa kelishdan avval gaplashdik-ku. Bir oyda borarmiz deyishuvdi, shu safar mashmashasidur-da.
— Kim bilsin, yuragim o‘ynab ketyapti. Akangizga nima deymiz?
— O‘sha odam telefonini bermadimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:30:35
— Voy, berdi, yozib olasizmi? — Manzura aytdi, Chuvrindi yozib oldi. Keyin «hozirning o‘zida gaplashamiz» deb tinchitgan bo‘ldi. Chindan ham o‘sha zahoti Moskvadagi raqamni terdi. Doktor Xudoyor degani xonasida yo‘q edi, javob bo‘lmadi. Chuvrindi yana ikki qayta qo‘ng‘iroq qilgach, Manzurani tinchlantirish maqsadida uning raqamini terdi. Manzura telefon yonidan jilmagan edi, bir jiringlashdayoq go‘shakni ko‘tardi. Chuvrindi: «Doktor Xudoyor bilan gaplashdik. Bolalar sog‘, tijorat maqsadida bir gap ayttirib yuborishgan ekan. Shu oy ichi kelishga tayyorlanishayotganmish», deb Manzurani tinchitdi. Ammo o‘zi xavotirli savollar to‘riga o‘raldi. Yana Moskva raqamini terdi. Javob bo‘lmagach, Kesakpolvonga qo‘ng‘iroq qilib, ogohlantirdi.
Chuvrindi oltinchi urinishda Moskva bilan bog‘lana oldi. Go‘shakdan salobatli ovozni eshitgach, beixtiyor ravishda salom berdi.
— Vaalaykum salom, marhabo afandim,— degan javobni eshitgach, o‘zini tanitib, bu zotning tasodifiy qo‘ng‘irog‘idan bir oz xavotirga tushganlarini ham ma’lum qildi.
— Uzrimni qabul eting, afandim,— dedi doktor Xudoyor.— Aytilajak omonat gapim Asadbek janoblarining o‘zlarigagina atalgani sababli ul janobning ahli ayollariga aytmoqni lozim topmadim. Ammo bilingizkim, xavotir olmog‘ingizga aslo asos yo‘qtur. Aytajak gapimning ma’nosi xayrli kechajakdir. Asadbek janoblari lutf qilib buraya kelsalar edi, cho‘x go‘zal bo‘lurmi edi, afandim. Mening-da safarim uch kundan so‘ng xalos bo‘lajak.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:30:58
— O‘zbekistonga kelmaysizmi?
— Oh, O‘zbekiston qalbimdadir, ammo bormog‘imga ijozat yo‘qtur. Afsuslar chekurman.
Chuvrindi bu gapdan so‘ng ezmalanib o‘tirmadi. Bugun yoki ertaga yetib borajaklarini ma’lum qilishi bilan u tomonda go‘shak joyiga ilindi. Chuvrindi doktor Xudoyorning kimligini bilmasa-da, uning Ovrupo odatlari ruhida tarbiya topgan o‘zbeklardan ekanini fahmladi. Chuvrindi yana Kesakpolvonga qo‘ng‘iroq qilib, Olmoniyadan kelgan vatandoshning yurtga kelishi uchun ijozat olish mumkinmi yo yo‘qmi ekanini aniqlashni topshirdi. Kesakpolvon buni Asadbekning topshirig‘i sifatida qabul qilib, ishga hoziroq kirishajagini aytdi. Tun yarmidan oqqan bo‘lishiga qaramay, Chuvrindi Kozlovga ham qo‘ng‘iroq qildi. Bularning olamida tunmi, kunmi, odam xastami yo sog‘mi— farqi yo‘q, zarur gap chiqdimi, telefon qilinadi yo izlab topiladi. «Sen meni tunda uyqumni buzding» yoki «xastaligimda bezovta qilding» degan gaplar bo‘lmaydi. Chuvrindining mezbonga bemalol qo‘ng‘iroq qilishi shu yozilmagan qoida asosida edi.
    Kozlov ovoz berib, bir esnab olgach: «Eshityapman, gapiravering», dedi. Chuvrindi doktor Xudoyorni O‘zbekistonga kelishi uchun ruxsat olish masalasini hal etish mumkinmi, deganda «no‘ problem», deb gapini kalta qildi.
    Tongga yaqin avval Kesakpolvon, so‘ng Kozlov qo‘ng‘iroq qilishib bu masalani yechish aslo mumkin emasligini aytishdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:31:17
— Moskvada turganining o‘zi katta gap ekan,— dedi Kozlov.— Bunaqa siyosatga aralashmaganinglar ma’qul. Ularning hisob-kitoblariga bizning tishimiz o‘tmaydi.
— Unda bugunoq Moskvaga uchishimiz kerak.
— Yaxshi, uch kishiga buyurib qo‘yaman.
— Moskvaga Bek akam bilan uchamiz. Jalil akani uyiga yuboramiz.
— No‘ problem. Mahmud, bilib qo‘y, kecha vrach bilan gaplashdim. Asadning kasali jiddiy. Yaxshi davolanmasa uzoqqa bormasligi mumkin, degan taxminlari bor. Moskvada olib qolib, o‘sha yerda davolash kerak. Men u yerdagi odamlarimga tayinlab qo‘yaman.
    Ish jadallashib ketdi. Uch soat deganda Chuvrindi bilan Asadbek tushgan tayyora Moskvaga qarab uchdi. Jalilni esa Kozlovning yigitlari peshindan so‘ng kuzatadigan bo‘lishdi. Jalil tungi qo‘ng‘iroqlardan bexabar, do‘stining «tuzalib qolganidan» mamnun bo‘lib, «bularning Maskovda bitadigan ishi bordir, xira pashshaday yuramanmi orqalaridan» deb uyga yolg‘iz qaytishga ko‘ndi.
Asadbek o‘zini bir don cho‘qib, bir atrofga xavotir bilan alanglab qo‘yadigan musichaga qiyos qilardi. O‘g‘illarim o‘zimga o‘xshab umr bo‘yi qil ko‘prik ustida yashashmasin, deb bolaliklaridan o‘qishlariga jiddiy e’tibor berdi. Yuqori sinfga chiqishgach, qo‘shimcha muallimlar yolladi. O‘g‘illarini sira ham o‘zining ishlari, tashvishlariga yaqinlashtirmadi. Oldinma-keyin maktabni bitirgan o‘g‘illarining Moskvada o‘qishlarini istadi. So‘ng, Germaniyaga borib o‘qish imkoni tug‘ilgach, hech ikkilanmay jo‘natdi. Manzuraning xavotirlariga ham, injiqliklariga ham parvo qilmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:31:47
    Bolalarini ikki yildan beri ko‘rmagan edi. Bu yozda ta’tilga kelishlarini kutayotgandi. Doktor Xudoyorning kutilmagan tashrifi, garchi u xayrli gapni va’da qilgan bo‘lsa-da, Asadbekning tinchini olgan edi. Xastalik sababmi yo ikki yillik sog‘inchmi, uning halovati buzilgandi.
    Ertalab Chuvrindidan voqeani eshitgach, doktor Xudoyorga o‘zi qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldi. Hatto telefon go‘shagini ko‘tarib, dastlabki raqamlarni terdi ham. Keyin «bu telefonda gaplashadigan gap emas» yoki «Men Olmoniyadan kelib, senga gap aytaman desamu sen telefonda oliftagarchilik qilasanmi?» deb qolsa yaxshi bo‘lmas, degan fikrga kelib, shashtidan qaytdi. Hozir go‘yo osmon ham, undagi tayyora ham qimir etmay turgan kabi tuyulib, yuragi siqildi-yu, qo‘ng‘iroq qilmaganiga afsuslandi. Keyin: «har holda yaxshi gap aytarkan-ku, yomon xabar bo‘lsa bir uchini chiqarardi...» deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Tayyora bekasi nonushta bilan siylagach, mudroq bosib, suyanchiqni pastlatdi.
    Tayyora Asadbekning jismini Krasnoyardan tobora uzoqlashtirayotgan bo‘lsa-da, xayoli uni iziga qaytarardi. Avvaliga uni qabriston bo‘sag‘asida o‘sha qariya qarshiladi. Qarshiladi-yu, bosh chayqadi. «Men sening kimligingni bilaman. Shuning uchun so‘ramadim. Sen esa: «Nima uchun so‘ramadi-ya?» deb o‘ylab ham ko‘rmading» dedi. Asadbek «Men tijorat bilan kun ko‘raman», dedi. Qariya bosh chayqadi. «Tijorat — daraxtning barglari. Daraxtning tanasi bor, oziq oladigan ildizlari bor. Sendan qo‘rqaman. Sendaylar mana shu qamoqda bizlarga kun bermas edi». Qariya shunday deb teskari qaradiyu ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. So‘ng... o‘t bosgan qabrlar orasida otasi ko‘rindi. Bir qo‘lida chana, bir qo‘li bilan imlab chaqiradi:
— Kelaqol toychoq, chanada uchiraman,— deydi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:32:09
— Hozir yoz fasli, chanada uchilmaydi,— deydi Asadbek.
— Kelaver toychoq, uchiraman. Esingdami, oxirgi ko‘rishganimizda senga chana olib kelgan edim. Ammo uchirolmadim. Shu mening armonim. Kel, armonim ushalsin.
— Qishda kelaman, uchirasiz.
— Kel, albatta kelasan, uchiraman. Samandar ham shu yerda, onang ham shu yerda. Hammamiz bir bo‘lib uchamiz... Kel toychoq, kelaqolgin...
Ko‘katlar yamlab yutganday otasi yo‘q bo‘ldi.
— Ota!..
Asadbekning nafasi qaytdi.
— Bek aka, Bek aka...— Chuvrindi yelkasiga asta turtib uyg‘otdi.— Yomon tush ko‘rdingizmi?
— Alahsiradimmi, baqirdimmi? — dedi Asadbek qaddini rostlab.
— «Ota!» dedingiz... Yarangiz yangilandi. Shunaqa tushlar ko‘rib turasiz endi.
Tasalli uchun aytilgan bu gapni eshitib Asadbek bosh irg‘ab qo‘ydi. So‘ng bir oz sukut saqlab, Chuvrindidan so‘radi:
— Sen ham tushingda otangni ko‘rasanmi?
— Yo‘q.
— Ko‘rmaganing ma’qul.
— Nega?
— Hali yoshsan... Vaqtiki kelib otangni tushingda ko‘rsangu, otang «kel bolam, otga mindiraman», desa ehtiyot bo‘laver.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:32:21
— Siz... shunaqa irim-sirimga ishonasizmi? Men ishonmayman. Umuman... men otamni tushimda ko‘rmasam kerak. Uning surati bo‘lganida ham, uni sog‘inib, qo‘msasam ham boshqa gap edi.
— Yoshsan, Mahmud, ko‘p narsalarga aqling yetmaydi. Men Krasnoyarda bekor yotib o‘ylay-o‘ylay bir haqiqatning tagiga yetdim: biz bu dunyoda o‘zimizga xon, o‘zimizga bekmiz, deb kerilib yurarkanmizu, ammo o‘zimiz istagancha yashamas ekanmiz. Bizni qandaydir kuch boshqarar ekan.
— Xudomi?
— Balki Xudodir. Men buni bilmayman. Diniy ilmim bo‘lganida senga aniqroq bir narsa aytardim. Qaytganimdan keyin Sobitxon bilan uchrashsak, undan so‘raydigan savollarni yig‘ib qo‘ydim.
— Borgunimizcha oyoqqa turib qolar. Do‘xtir «yurib ketishiga umid bor», devdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:32:53
2

    Moskvaga kun yoyila boshlagan mahalda yetib, qo‘nishdi. Asadbek ham, Chuvrindi ham tayyorada Kozlovning yigiti kuzatib kelganidan bexabar edilar. Kuzatuvchi ulardan avvalroq harakat qilib tayyoradan tushdi-da, zina oldida ularni qarshiladi:
— Ko‘chada mashina kutib turibdi,— dedi u, ikkovini baravar ajablantirib. So‘ng ko‘chaga chiqib, mashinaga o‘tirishgach, izoh berdi: — «Rossiya» mehmonxonasidan joy buyurilgan. Sizga kerakli mehmon ham o‘sha yerda shekilli, a?
    Ular mehmonxonaga joylashishgach, Asadbekning yuvingani kirganidan foydalanib, kuzatuvchi yigit Chuvrindiga kimningdir ismi yozilgan bir shapaloqday qog‘oz berdi:
— Mana shu vrach ertaga soat o‘nda sizni kutadi. Zarur bo‘lsa uy yoki xizmat telefoniga istagan paytda qo‘ng‘iroq qilavering, ogohlantirib qo‘yganmiz. Mana bu Krasnoyardagi tibbiy xulosalar. Xo‘jayinga ko‘rsatmas ekansiz, — u shunday deb qo‘lidan qo‘ymay kelayotgan qog‘oz o‘ramini uzatdi. — Men bir soatdan so‘ng yana kelaman. Qaysi xonaga joylashganimni aytaman. Ketguninglarcha sizlarning xizmatingizda bo‘laman. Buyruq shunday bo‘lgan.
    Ular doktor Xudoyor bilan bir qavatdagi xonaga joylashgan edilar. Chuvrindi chiqib navbatchidan doktor Xudoyor kelishi bilan xabardor qilishini so‘radi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:33:37
    Oradan bir yarim-ikki soatcha vaqt o‘tgach, doktor Xudoyorning xonasiga kirib ketgani ma’lum qilindi. Chuvrindi «men ham chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Asadbek ikkilandi. «Sen qolaver», desa ko‘ngli og‘riydi, boshlab chiqsa-da, doktor Xudoyor «bu yolg‘iz o‘zingizga aytiladigan gap», desa yana noqulay. Asadbekni bu o‘ng‘aysiz holatdan Chuvrindining o‘zi qutqardi:
— Restoranga tushib, besh-olti kishilik joy tayyorlab turaman,— deb o‘rnidan turdi.
Asadbek eshikni taqillatgach, ichkaridagi odam nemischalab nimadir dedi. Asadbek tushunmadi. Adashdimmi, deb iziga qaytmoqchi bo‘lganida eshik ochilib, o‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan, tilla halli ko‘zoynak taqqan oltmish yoshlardagi kishi ko‘rindi. U Asadbekni ko‘rishi bilan jilmaydi-da:
— Marhabo,— dedi,— fikri ojizimcha siz Asadbekdirsiz, a? Marhabo, janob, qalbimdasiz.
Asadbek salom bergach, ostona hatladi-da, so‘rashmoq uchun qo‘l uzatdi.
— Biz uchun vatandosh ila bundayin tarzda ko‘rushmak cho‘x uyatdur,— u shunday deb Asadbek bilan quchoqlashib, yuzini yuziga bosdi.— Sizdan Vatan havosi keladur, cho‘x mamnundirman, afandim.
Doktor Xudoyor uni ichkariga boshlab kirdi. Asadbek joylashib o‘tirgach, o‘zini tanitdi:
— Afandim, sizni men bilurman. Cho‘x go‘zal o‘g‘ullaringiz vordur. Bir olmaning bir yuzi sizu yana bir yuzi farzandu arjumandlaringiz, demak mumkindir. Kamina doktor Xudoyor. Katta bobom Xudoyorxonning qulog‘iga azon aytmish ekanlar. Otam rahmatli shu voqeani unutmaslik maqsadi ila menga Xudoyor ismini bermish ekanlar. Men Turkiyada kamol topdim, so‘ngroq Olmoniyaga ilm istab keldimki, hanuz shundadurman. Biofizika ilmini durust fahm etib, Olmoniyada xizmatdadurman. Moskvada olam olimlari konferans etmish ekanlar. Menda Olmon fuqarosi sifatida ishtirok eturman. Mening safarga otlanajagimni xabarlab janob Muzaffarxon bir o‘tinch qilibdurlar.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:34:02
— Muzaffarxon? Kim u?
— Siz u zotni bilmaysiz?
— Yo‘q.
— O, u zot cho‘x go‘zal insondur. Olmoniyadagi turkiylar orasinda cho‘x e’tibori vordur. Vatandoshlar u zotni cho‘x e’zoz eturlar. U zotning boyligi ham hisob bilmas. Sizning farzandu arjumandlaringiza janobning nazarlari tushibdur. Olloh Muzaffarxonga boylik barobarinda ikki qiz ham bermish. Muzaffarxon janoblari ikki o‘g‘lingiza oshiq bo‘lub, ularnida kuyav o‘g‘ul qilish ilinjida avval Ollohdan so‘ngra siz janobdan izn so‘raydurlar. Janobingizni, alalxusus, sovchi desangiz-da ma’qul bo‘laverar,— doktor Xudoyor shunday deb jilmaydi.
Ertalabdan beri turli gumonu fikrlarga bandi bo‘lgan Asadbek uchun bu taklif kutilmagan edi.
— Yuzma-yuz o‘tirib fikrlashmakka amr etilgani sababindan sizni bu yona chorladimki, ayb etmassiz. Agarchi bu taklifni ma’qul ko‘rsangiz, siz ham, Muzaffarxon janoblari ham tashvishlardan xalos bo‘lursiz. Ya’nikim, farzandlaringiz emin-erkin holda ilm olajaklar. Muzaffarxon esa qizlarini mo‘’min, solih farzandlarga beradur, qizlari Vatanda yashamoq sharafiga yetajaklar, inshoolloh.
— Javobni hozir aytishim shartmi? — dedi Asadbek.
— Yo‘q, aslo! — dedi doktor Xudoyor.— Bizning ixtiyorimizda bir kun vordur. Konferans ertaga xalos bo‘lajak. Men indin sabox ketajakman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:34:26
— O‘g‘illarimning bu gaplardan xabarlari bormi?
— Albatta. Ularda rizo. Siz rizo bo‘lsangiz, barcha to‘yga hozirdur. Siz o‘ylamangki, Muzaffarxonning qizlari Ovrupo qizlari kabidur, deb. Aslo, ular muslimadurlar. O‘zbekchani so‘zlamaknida, urf-odatnida mendan durust bilurlar.
    Doktor Xudoyor o‘rnidan turib stol ustidagi qog‘ozlar orasidan ikki varag‘ini olib, Asadbekka uzatdi:
— Bu Olmoniyaga da’vatdur. Rizo bo‘lsangiz     ahli ayolingiz kuzatuvida borursiz. To‘yni avval atta qilurmiz. Rizo bo‘lmasangizda borursiz, Olmoniyani tomosha etursiz. Siz istak bildirurmisizki, hozir telefon qilib Muzaffarxon ila so‘zlashmakka?
— Yo‘q, hozir emas. Ozgina o‘ylab olay. Agar imkon bo‘lsa, o‘g‘illarim bilan gaplashib olardim.
— Cho‘x go‘zal fikr, afandim,— doktor Xudoyor telefon go‘shagini ko‘tarib, Olmoniya bilan ulashlarini iltimos qilib lozim raqamni aytdi. Buyurma qabul etilgach, Asadbekka yuzlandi: — To‘rt soat kutmog‘imiz zarur ekan.
— Unga qadar, mehmon, birga choy ichsak. Restoranda joy tayyor. Bir-ikki og‘aynilarni ham taklif etavering. Uyga borganingizda-ku, boshqacha kutardik.
— Nasib... nasib...— dedi doktor Xudoyor.— Afandim, choy ichmakka men rizo. Faqat yuvinib olayin.
    Asadbek yarim soatdan so‘ng kirajagini aytib, xonasiga qaytdi-da, uyiga qo‘ng‘iroq qildi. Manzuraning savollariga qisqa qilib javob bergach, doktor Xudoyorning yo‘qlovidan maqsadini aytdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:34:41
    Bu kutilmagan taklif Asadbekniki gangitdimi, Manzuraning ahvolini tasavvur etavering. Ko‘cha-ko‘ydami, tanish-bilishlar orasidami chiroyli qizlarni ko‘z ostiga olib yurgan, kelin tushirish, orzu-havas ko‘rish umidida yashayotgan ayolning barcha mo‘ljallari bir gap bilan puchga chiqarilsa nima ham deya olardi? Qizining qismati kammidi unga? Endi o‘g‘illari chet eldagi qizlarga uylanishsa... Kelin bo‘lmishlari xipcha bellarini tortib turgan shim kiyib kirib kelishsa... qonsiz yuzlariga obdon bo‘yoq chaplashsa... ulama kipriklari siyrak qoshlariga tegib tursa. Supurgi nimaligini bilishmasa, oshxona nimaligini bilishmasa... Restorandan beri kelishmasa...
Manzura Muzaffarxonning qizlarini shunday tasavvur etib, badani jimirlab ketgan, shu bois eriga bir nima deya olmay jimib qolgan edi.
— Ha, nafasing qaytib o‘lib qoldingmi? — dedi Asadbek, jahl bilan.
Darrov javob qaytarmagani uchun Manzura bu qizlarni o‘zi topib, o‘zi bemaslahat kelin qilayotganday eridan baloga qoldi.
— Adasi, ko‘rmasdan turib nima deymiz? Qo‘y oladigan ham bozorga borib, ko‘rib oladi-ku? — dedi eridan eshitadiganini eshitib olgach.
— Hov, kalla bormi, senda? Bu amma-xolangning mahallasimas, qiz ko‘rgani ikki ko‘cha nariga borib keladigan. Ular Germaniyada turadi, dedim, tushunmadingmi?
— Tushundim, lekin...
— Lekin-pekinni qo‘y. O‘g‘illaring bilan gaplashaman, xo‘p deyishsa, tamom, men ham ko‘naman.
— Adasi, bu umr savdosi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:35:05
    Manzuraning gapi chala qoldi. Asadbek go‘shakni joyiga qo‘ydi. Aslida qo‘ng‘iroq qilishdan maqsadi xotini bilan maslahatlashish emas edi. Chunki bu, uning nazarida, xotin kishi bilan maslahatlashib pishiriladigan osh emasdi. Asadbek xotini xavotirda ekanini Chuvrindidan bilib, uni tinchlantirib qo‘ymoqchi edi. Manzura bu qo‘ng‘iroqdan so‘ng bir tomondan tinchidi-yu, ammo ikkinchi tomondan tashvishi ortdi.
    Va’daga binoan yarim soatdan so‘ng Asadbek doktor Xudoyor joylashgan xona eshigini taqillatdi. Restoranga qadar yonma-yon yurib gaplashib bordilar. Restoran eshigiga yetganda doktor Xudoyor to‘xtab:
— Keching,— dedi.
Asadbek bu so‘zga tushunmadi.
— Siz o‘ng tomondasiz, avval siz keching,— dedi doktor Xudoyor,— qo‘li bilan eshikni ko‘rsatib. Shundagina Asadbek «avval siz o‘ting», degan ma’noni uqib, ichkariga yo‘naldi.
    Chuvrindi deraza oldida olti kishilik joy hozirlab o‘tirgan edi. Doktor Xudoyor o‘tirgach, dasturxon ustidagi ichimliklarni ko‘rib, Asadbekka ajablanib qaradi:
— Bular kimga?
— Bizga... sizga...— dedi Asadbek.
— Bular harom-ku? Siz... namoz qilmaysizmi?
Asadbek bu savoldan o‘ng‘aysizlandi. Uni bu holatdan chiqarish uchun Chuvrindi suhbatga aralashdi:
— Bek akam shaharda katta masjid qurdiryaptilar. Bizga ham Xudo insof berib, namoz o‘qib qolarmiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:35:29
— Astag‘firulloh! — dedi doktor Xudoyor.— Masjid qurish savob, ammo farz emas. Avval farzni ado etmak joizdur. Ajabki, biz xristiyonlar yurtida yashab namoz qilamiz. Siz o‘z yurtingizda, musulmonlar yurtida yashab-da, namoz qilmaysiz. Siz Rasuli akram afandimiz janob Haqdan rivoyat etgan «menga bir qarich yaqinlashganga men bir arshin va bir arshin yaqinlashganga esa bir quloch yaqinlashgayman. Biron kimsa Men tomon kela boshlasa, Men ham unga peshvoz chiqaman», kalimasin eshitmagan chiqarsizlar? Ya Rabbim, gunohkor qullaringnida o‘zing avf etgaysan...
    Asadbekning ishorasi bilan Chuvrindi o‘rnidan turib, ofitsiantni boshlab keldi-da, shishalarni, kolbasa qo‘yilgan likoplarni yig‘ishtirdi. Unga qadar doktor Xudoyor indamay o‘tirdi. Dasturxon usti haromdan holi bo‘lgach, tilga kirdi:
— Afandim, bunday as’asaga hojat nadir? Siz meni choyga taklif etib edingiz? Buncha narsa o‘n kishigada ko‘pdir.
— Mehmonning izzati-da,— dedi Chuvrindi, Asadbekning o‘rniga javob berib.
— Insonning izzati isrof bilan o‘lchanmaydir, afandim. Izzat yaxshi ila, yaxshi sa’y ila ifodalanur. Buni anglamak joizdir.
    Bir necha daqiqalik suhbatdan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, doktor Xudoyorning odobi ham, odati ham yevropalashgan. Manzirat, lutf, hilm degan tushunchalardan birmuncha yiroq. Nimani o‘ylasa, shuni aytadi, suhbatdosh bu to‘g‘ri gapdan ranjiydimi yo‘qmi — farqlamaydi. Har narsaga, hatto aytayotgan so‘zlariga ham iqtisod nuqtai nazaridan yondoshadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:35:51
— Men bu oqshom sizlar bilan uzoq o‘tira olmasman, afandilar,— dedi u.— Har kuni ikki soat kitob ila yolg‘iz qolmakni har narsadan afzal bilurman. Yigirma daqiqadan so‘ng sizlarni tark etajakman.
— Majlisdan so‘ng dam olmaysizmi? — deb so‘radi Asadbek.
— Dam? Bunga hojat nadir? Siz menga ayting, janob Asadbek, Gorbachev qayta qurishni olam aro e’lon qildi. Boltiya davlatlari sovetlardan ajralib, mustaqil bo‘lish arafasidadir. O‘zbekistonda bunday harakat mavjudmi yoki yo‘qmi?
    Asadbek «bu haqda sen gaplasha qol», deganday Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu qarash ma’nosini anglab:
— Ha, bor,— deb javob berdi.
— U holda nechukkim, bizlar bexabarmiz?
Chuvrindi Orzubek haqida so‘z boshlaganda Asadbek «shuni gapirmasang bo‘lardi» degan ma’noda qoshini chimirdi. Chuvrindi bu ishorani ham payqab gapini muxtasar qildi.
— Vatanga faqat muhabbat kerak. Vatanni yurakdagi muhabbat ila sevmas ekanmiz, u sahrodagi suvsiz nihol singari qurishga mahkum o‘lajak. Vatanga sizning muhabbatingiz bo‘lak, biznikida bo‘lak, azizlarim. Siz Vatan ichida yashab Vatandan ayrilgansiz. Bizning qalbimiz Vatan sog‘inchi ila tepar. Umrimiz xalos bo‘lgach, ustimizga Vatan hajri kafanini yopajaklar,— u shunday deb soatiga qarab olgach, o‘rnidan turdi-da, boshini kiborlarcha egib ta’zim qildi.— Cho‘x tashakkur azizlarim. Oqshomingiz xayrli o‘lsun.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:36:22
    Asadbek kuzatmoqchi edi, u unamadi. Odati yevropacha, gaplari o‘zbekcha-turkcha aralash bo‘lgan bu odam Asadbekda yaxshi taassurot qoldirdi.
    Ertasiga ertalab Asadbek shaharga chiqishga istak bildirmadi. Shuning uchun Chuvrindi Kozlovning yigiti aytgan vrachni yo‘qlab bordi. Vrach u keltirgan tibbiy xulosalar bilan tanishgach, o‘ylanib qoldi:
— Xulosalar to‘g‘ri — rakdan boshqa narsa emas bu. Oldi olinmabdi. Kechikdingiz, deb qo‘rqaman.
— Kechikdingiz? Qanaqasiga?! — Chuvrindi unga hayrat bilan tikildi. — O‘n kun bo‘lmadi boshlanganiga.
— Yo‘q, azizim. Kamida yarim yil avval boshlangan. Balki o‘tib ketadigan og‘riq deb e’tibor bermagandir. Qiziq, o‘zingizda yaxshi mutaxassislar bor, Krasnoyarskka olib borib nima qilardingiz?
— Krasnoyarga ish bilan borgan edik. Og‘riq zo‘rayib ketdi.
— Agar istasangiz, uni yotqizib yana bir qayta tekshiruvdan o‘tkazishim mumkin. Lekin bunaqa hollarda men achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytishni lozim ko‘raman.
    Chuvrindi uning huzuridan ruhi ezilgan holda chiqdi. Krasnoyarda ekanida Kozlov xastalikning nomini aytganida bir cho‘chib tushgan, ularning xulosasi xatodir, deb o‘ylagan edi. Umid chinnisini shu vrachga ikki qo‘llab, ehtiyotlab ko‘tarib kelgan edi. Endi bu chinni ham sindi.
    Sindi?! Yo‘q!! Bittasi taxmin qildi, ikkinchisi tasdiqladi. Endi ellikka kirgan odam bir necha oyda qurib bo‘lar ekanmi? «Yo‘q! O‘ntasi aytsin, mingtasi aytsin, baribir ishonmayman!» Chuvrindi shu xayolga kelib, qo‘lidagi qog‘ozlarni burdalab tashladi. Yo‘lda bora turib Asadbekning tayyorada aytgan gaplarini esladi. «Nahot tushida ayon bo‘ldi?» deb o‘yladi. Bu o‘yni «tushga nimalar kirmaydi», deb shu zahoti bo‘g‘ib o‘ldirishga intildi.
    Mehmonxonaga qaytgach, notanish odamlarni ko‘rib taajjublandi. To‘rdagi o‘rindiqda xayolga berilib o‘tirgan Asadbek u kirishi bilan tanishtirdi:
— Sen bu kishini eshitgansan: Xongirey.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:37:14
3

    Xongirey deganlari qirq yoshlardagi, o‘ziga oro berib kiyingan, barmoqlariga tilla uzuk taqqan odam edi. Chuvrindi uning chaqchaygan ko‘zlarida bir yovvoyi kuch ilg‘adi. Asadbek uning sheriklarini tanishtirib o‘tirmadi.
    Xongirey Chuvrindi qaytishidan sal oldinroq kirib kelgan edi. Asadbek u bilan ikki marta uchrashgan, garchi bir olamning fuqarosi bo‘lsalar-da, oralarida yaqinlik yo‘q edi. Shu sababli uning to‘satdan kirib kelishidan taajjublandi. Xongirey Asadbek bilan ko‘rishayotganda o‘zini kiborlarcha tutdi. Avvalgi ikki uchrashuvda ham shunday bo‘lgani uchun uning bu qilig‘idan ranjimadi.
— Asad,— dedi Xongirey, tik turganicha,— yaqinda mening eng yaqin odamim o‘ldi. Uning vasiyatiga ko‘ra seni topdim. Marhumning vasiyati biz uchun qonun.
— Qani, o‘tir, Xongirey, tik turib gaplashishning xosiyati yo‘q.
Xongirey yumshoq o‘rindiqqa o‘tirib, oyoqlarini chalishtirdi.
— Akademikni eshitganmisan? U menga ustoz qatori edi. Ana o‘sha ajoyib odamni o‘ldirib ketishdi.
— Kim?
— Kimligini o‘zim bilaman. Muhimi shuki, u qo‘lidan kelmaydigan ishni qilmoqchi bo‘ldi. U o‘limi oldidan menga bir-ikki gap aytibdi. Zelixonning Elchin degan do‘sti bor ekan, sening yurtingda. O‘sha o‘lmasligi kerak!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:42:17
Bu buyruq ohangida, Asadbekning g‘ashi kelib, zaharli iljaydi:
— Odamlaring yaxshi ishlamay qo‘yishdimi yo o‘zingni go‘llikka solyapsanmi? Elchin — mening kuyovim.
— Bilaman buni. Shuning uchun ham o‘lmasligi kerak. Bu — bir. Qamalmasligi kerak, bu — ikki. Xullas, uni birov chertmasligi kerak, bu — uch. Endi u bizning himoyamizdagi odam.
— Yaxshi. Shuni aytgani keldingmi?
— Yo‘q, boshqa gaplarim ham bor. Sen Kozlov bilan yaqinlashaverma. U bilan bitkazadigan ishni avval men bilan kelishasan.
— Haddingdan oshyapsan, Xongirey.
— Men hammaga ham yaxshi gapiravermayman, bu — bir. Hamma gapni ham o‘zim kelib aytmayman, yigitlarimdan ayttirib qo‘ya qolaman, bu — ikki. Shundan bilki, Asad, men seni hurmat qilaman. Mayli, shu hurmat haqqi senga osilmayman. Lekin Kozlov mening ixtiyorimdagi odam bo‘lishi kerak. Sen menga to‘siq bo‘la ko‘rma.
— Men Kozlov bilan savdo-sotiq qilaman, boshqasi bilan ishim yo‘q. U senga tobe bo‘ladimi, katta xolasigami, menga baribir.
— Ha, ana, endi tushunib yetyapsan. Endi men aytgunimcha u bilan savdo-sotiq ham qilmay tur. Men oshni pishirib olay, keyin gaplashamiz.
— Buni o‘ylab ko‘raman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:43:11
— Asad, sen mening hurmatimga yarasha ish qil. Sening qo‘ling kalta. Meniki esa uzun. Men bilan tortishma. Men istagan kuni butun urug‘ing bilan qirilib ketasan. Sen bitta shaharga xo‘jayinsan. Men esam,— Xongirey derazadan ko‘rinib turgan Kreml devorlariga ishora qildi,— hatto bu yerdagilarni ham o‘ynatishim mumkin.
— Meni qo‘rqitma, Xongirey. Sening kuchingni bilaman. Lekin sendan qo‘rqmayman. Birovdan qo‘rqqan kunim o‘zimni o‘zim otaman.
    Shu gaplarni aytayotganda eshik ochilib Chuvrindi kirib keldi.
    Xongirey aytadigan gapini aytib bo‘lgan edi. Shu bois o‘rnidan turib, xayrlashib chiqdi. U ketgach, Asadbek anchagacha indamay o‘tirdi. Chuvrindi «Xongirey nima uchun kelibdi?» deb so‘ramadi. Agar Asadbek lozim topsa o‘sha gapni o‘zi aytadi. Lozim topmadimi, so‘rashning o‘zi ortiqcha. Chuvrindi Moskvaga kelib Asadbekning ikki siridan ogoh bo‘la olmadi. U uchun doktor Xudoyorning suhbati ham qorong‘iligicha qoldi.
    Restorandan qaytishgach, Asadbek Chuvrindini xonada qoldirib yana doktor Xudoyor huzuriga chiqdi. Telefonda o‘g‘illari bilan gaplashdi. Ularning to‘yga mayllari borligini bilgach, «onang bilan boramiz, kelmay turinglar», deb rizoligiga shama qildi. Chuvrindi Asadbekning Manzura bilan gaplashganidan ham bexabar, «doktor Xudoyorning gaplarini aytib, yangamni tinchitib qo‘ysakmikin», degan edi Asadbek unga ola qarash qilib «yangang tinch o‘tiribdi», deb to‘ng‘illadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:43:33
    Chuvrindi Xongirey chiqib ketganidan beri indamay o‘tirgan Bek akasiga achinib qaradi. Dardiga malham bo‘lgisi keldi. Lekin bu o‘jar xojasi uni yaqin yo‘latgisi yo‘q. Boshqa payt bo‘lganida Chuvrindi bu holatga zo‘r ahamiyat bermas edi. Hozir, vrachning xulosasini eshitib kelgan choqda, garchi bu xulosaga ishongisi kelmasa-da, o‘zi uchun ota kabi yaqin bo‘lmish bu odam dardiga befarq qaray olmas edi. U ora-sira Asadbekka zimdan, o‘g‘rincha qarab «nahot shunday odamning umri shu qadar qisqa bo‘lsa?» deb o‘ylardi.
    Asadbek uning o‘g‘rincha boqishlarini sezib o‘tirardi. «Mendan gap kutyapti. Avval o‘zim o‘ylab, pishitib olay, unga aytmasam, yana kimga aytaman?»
— Choy chaqirtiraymi? — dedi Chuvrindi uzoq cho‘zilgan sukutdan betoqat bo‘lib.
— Chaqirtir, tashqariga chiqqim yo‘q,— dedi Asadbek muloyimlik bilan.
Chuvrindi navbatchi ayolga pul berib, nimalar keltirish lozimligini aytgach, darrov iziga qaytdi. U ichkari kirishi bilan Asadbek qarorini ma’lum qildi:
— Tungi samolyotda qaytamiz. Tayyorgarlikni ko‘rib qo‘y.
— Mehmon ertaga ketadi shekilli, kuzatmaymizmi?
— U manziratga tushunmaydiganga o‘xshaydi. Xafa bo‘lmaydi. Sen hozir Haydar akangga qo‘ng‘iroq qil, borgunimizcha bilib qo‘ysin: Hosil yaqin orada Moskvaga kelib ketmadimi yo Xongireyning odamlari biz tomonlarga borib u xunasa bilan uchrashishmadimi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:43:56
    Chuvrindi shu gapning o‘zidanoq Xongireyning maqsadini anglaganday bo‘ldi. Telefonga yaqin o‘tirishi bilan Asadbek qarorini o‘zgartirdi:
— Avval Kozlovni top menga. Haydarga keyin aytasan.
Kozlovni topish oson bo‘lmadi. Chuvrindi Asadbek izlayotganini ma’lum qilgach, bir soatdan so‘ng uning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi.
— Sog‘lig‘ing qalay? — deb so‘radi u Asadbekdan.
— Yaxshi. Hozir Xongirey bilan gaplashdim.
— Tushundim... Senga avvalroq aytishim kerak edi. Mazang qochgani uchun indamagan edim. Qisqasi, Hosil degan bilan aloqa qilishimni istayapti u. Men hech qanaqa Hosil deganni bilmayman, deb turibman.
— Sen u bilan o‘chakishma. Xo‘p, deyaver. Bu yog‘ini menga qo‘yib ber.
Shu bilan masala hal bo‘ldi. Chuvrindi Kozlovning gaplarini eshitmagan bo‘lsa-da, masalaning jiddiyligini, Hosilboyvachcha Xongirey bilan yaqinlashib,  Asadbekni  yiqmoq  qasdida  ekanini  fahmladi.
    Agar vrachning gaplari to‘g‘ri chiqsa, masala aql bovar qilmas darajada jiddiylashadi. Chuvrindi uchun ham hayot-mamot masalasi ko‘ndalang tushadi. U Haydar akasi bilan birlashgan taqdirda ham Hosilboyvachchaga teng kelolmasligini biladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:44:52
XXIV  b o b

1

    Zohid ishga borayotib yo‘lda saboqdosh do‘sti Solmonovni uchratib qoldi.  Qachonlardir ilm toliblari orasida Habib Sattorovning bir qanoti Zohid bo‘lsa, bu do‘sti ikkinchi qanot edi. Ikkovlon ilmda to‘ntarish yasash qasdida sho‘ng‘ishdi-yu, yarim yo‘lda Zohid fanga xiyonat qilib, adolat qasrini tiklashga yeng shimardi.
— Sening faqat basharang odamga o‘xshaydi. Mehr-oqibat tariqcha yo‘q senda,— deb gina qildi Solmonov.— Dissertatsiya yoqladim, kelmading. Loaqal telefonda tabriklasang ham mayli edi.
— Himoyang tushimga kiribdimi? Aytsang boraman-da,— Zohid shunday dedi-yu, Habib Sattorov bilan so‘nggi uchrashuvida domlasining «Solmonov o‘n sakkizinchida yoqlayapti» degan gapini esladi. Eslab o‘zidan o‘zi ranjidiyu, ammo do‘stiga sir boy bermadi.
— Melisaxonangga telefonda aytganman. Navbatchi milisa yozib olgan, eshitgansanu borging kelmagan.
— U yerdan ketganimga yaqinda bir yil bo‘ladi. Tabrikning erta-kechi yo‘q, hozir ham tabriklasam maylimi?
— Endi tabrigingni qizig‘i yo‘q. Uyga kelasan, yuzta-yuzta qilib keyin o‘ylab ko‘ramiz. Men sendan xafa emasman. Habib akanikiga nima uchun kelmading, yo buni ham eshitmadingmi?

Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 10 Noyabr 2007, 15:45:18
— To‘y qildilarmi? Bundan ham bexabarman, rost. Qachonligi aniq esimda yo‘q, lekin ukalarini ko‘ruvdim. Indagani yo‘q. Habib aka Angliyadan keldilarmi?
— Yo‘q, hali. Domlaning oshig‘i olchi. Angliyadagi ilmiy ma’ruzalari tugaganidan keyin Amerikaga taklif etilganlar. Sen, ahmoq, rostdan ham bexabarga o‘xshaysan: domla to‘y qilganlari yo‘q, ukalari olamdan o‘tdi.
— Ukalari? Qaysinisi?
— Bilishimcha, ukalari bittagina bo‘lsa kerak, tarixchi olim.
— Shu ukalarini ko‘ruvdim-da yaqinda. Nima bo‘libdi?
— Jinnixonada ekan, o‘zini osibdi. Ertaga ma’rakasi ekan. Balki Habib akam ham kelib qolarlar.
Ana shu noxush xabarning soyasi ostida xayrlashdilar.
    Solmonov bu noxush xabarni odatiy hol kabi aytdi. U Anvarning jinni bo‘lganu o‘zini osganiga ishona qolgan. Zohidda esa bu xabar taajjub uyg‘otdi.
    Ertasiga barvaqt turib Habib Sattorovning ota mahallasiga bordi. Oshni yeb chiqib hassakashlar orasidan Habib Sattorov bilan Elchinni qidirdi. Domlasi ko‘rinmadi. Elchin esa uch-to‘rt og‘aynisi bilan suhbatlashib turardi. To‘g‘ri bostirib borgisi kelmay, qator turgan odamlar safiga qo‘shilib, nigohini Elchindan uzmadi. Bir necha daqiqadan so‘ng, Elchin shu tomonga beixtiyor qaragach, nigohlari to‘qnashdi.
Elchin ikkilanib o‘tirmay, davradan ajraldi-da, Zohidga yaqinlashib, salomlashdi.
— Bandalik ekan, oshnangizni ham berib qo‘yibsiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:20:08
    Zohid barcha uchun an’anaga aylanib qolgan ta’ziya so‘zlarini aytdi. Bunday hollarda qarshi tomon «Ollohning irodasi» deb qo‘yguchi edi. Ammo Elchin bu an’anaga zid ravishda qoshlarini chimirdi-da:
— Bandalikmi yo ahmoqlikmi? — dedi. Atrofdagilar bu gapdan ajablanib ularga qarashgan edi, Zohid odamdan xoliroq tomonga qarab yurdi. Elchin unga ergashdi.
— Gapingizga tushunmadim? — dedi Zohid chetga chiqishgach.
— Qanday o‘lganini eshitmadingizmi? Xolidiy degan xo‘jayini bor. O‘sha bilan o‘chakishardi. O‘tgan qishda bir jinnixonaga tiquvdi. Burniga suv kirmabdi. Yana jinnixonaga tiqibdi. Bu ahmoq o‘zini osibdi. Ori kelgandir-da.
— Qo‘ying, o‘tganlar haqida yomon gapirmang.
— Xo‘p, endi ayting, uni o‘ldirishga majbur qilishdi, a? Xo‘sh, bularni nima qilish kerak? Siz qamay olmaysiz, chunki sirtmoqda ularning barmoq izlari yo‘q, sizga esa faqat barmoq izi kerak. Bu Xolidiy degani nechta odamni quritgan, siz bilmaysiz. Da’vo ham qilolmaysiz. Men borib Xolidiyni o‘ldirsam, meni otasiz. Mantiqan qaralganda, men uni o‘ldirganim uchun mukofotlashingiz kerak. Chunki, uni o‘ldirsam, nechta odamning hayotini saqlab qolgan bo‘laman.
— Siz hech qanday qonunni bilmaydigan odamning gaplarini aytyapsiz.
Elchin qo‘l siltadi-da, cho‘ntagidan sigareta chiqardi.
— Jamshidning qotilini topdingizmi? — dedi sigareta tutatib.
— Yo‘q, qidiryapmiz.
— Jamshid o‘ldirilganini aniq bilasizmi, o‘zi?
— U tirik, deb o‘ylaysizmi?
— O‘ylamayman... shunchaki so‘radim. Menda gapingiz bormidi?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:20:57
— Yo‘q, ko‘ngil so‘ramoqchi edim. Habib aka kelmabdilar shekilli?
— Angliyadan kelib-ketish osonmi. Men xizmatdagi odamman, ichkari kiray. Ha, boyagi gapim jiddiy emas, yana Xolidiy ichburug‘dan o‘lib qolsa, mendan ko‘rib yurmang.
    Elchin shunday deb so‘nggi nayzasini sanchdi-yu, nari ketdi. Zohid azaxonadan uzoqlasha turib uning gap-larini yana fikr tarozisidan o‘tkazdi. «Jamshid o‘ldirilganini aniq bilasizmi, o‘zi?» degan gapi uni o‘ylantirdi. Elchin shu gaplarini aytayotganida ko‘zida quvlik uchquni chaqnadi. Zohidning ziyrak nigohi bu uchqunni ilg‘adi: «Bir narsani biladi shekilli, bekorga so‘ramadi buni». Zohid ishxonasiga borguniga qadar Elchinning ilmoqli savolini o‘yladi. «Harholda bir narsani biladi. Asadbek to‘dasida qanday gaplar borligi unga ma’lum. Lekin aytmaydi. Qaynotasidan qo‘rqadimi?..»
    Savollar yangi savollarni uyg‘otaverdi-yu, ammo birontasiga javob topilmadi. Shundan ko‘ngli xira bo‘lib, xonasiga kirganida Hamdam qo‘ng‘iroq qildi.
— Prokuror, ikki soatdan so‘ng menga kerak bo‘lasan, xonangda o‘tirib tur,— dedi u.
Zohid uning qo‘ng‘irog‘ini kutishga va’da berdi. Biroq, yarim soatdan so‘ng uni kavkazliklarning o‘limi bilan shug‘ullanayotgan hamkasbi chaqirib, va’dani buzishga majbur bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:21:53
2

    Hamdam ertalabdan Sayfi Turdievni yo‘qlab taksoparkka borgan, uning ishga kechroq kelishini bilib, idoradan Zohidga qo‘ng‘iroq qilgan edi.
    Sayfi Turdiev yarim soatlardan so‘ng keldi. Idora oldida turgan Hamdamni ko‘rdi-yu, oyog‘i beixtiyor qaltiray boshladi. Oradagi masofa o‘ttiz qadam chiqmasa-da, ming chaqirim yo‘l bosib horiganday arang yetib keldi. Hamdam uning sudralib qolganini sezib, kuldi:
— Ha, o‘g‘il bola, meni ko‘rib iching o‘tib ketdimi, nima balo?
Bu hazil Sayfiga sal darmon berganday zo‘raki jilmaydi:
— Nega unaqa deysiz, okaxon?
— Yurishing birdaniga mayda qadam bo‘lib qoldi-da. Xo‘sh, qalaysan? Ukang omonmi?
— Xudoga shukr.
— Ochig‘ini aytaymi? Bugun seni tirik ko‘raman, deb o‘ylamovdim.
— Yomon nafas qilmang-e...
— Tush ko‘ribman. Ana shu darvozada sening kattagina rasming. Tagida ta’ziya yozilgan: «Sotsialistik mehnat zarbdori, ajoyib inson, mehribon do‘st Sayfi Turdiev...» Qara-ya, ajoyib inson ekansan.
— O‘lgandan keyin hamma ajoyib insonga aylanadi.
— Xullas, nimadan o‘lganingni bilolmay uyg‘onib ketdim. Tushda o‘lik ko‘rsang, o‘ngingda tirik ko‘rasan, deyishadi, yur, bi-ir aylanib kelaylik.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:23:38
    Hamdam shunday deb ko‘cha tomon yurdi. Bir necha daqiqadan so‘ng Sayfi mashinasini haydab chiqdi. Hamdam o‘tirgach:
— Qayoqqa boramiz, okaxon? — deb so‘radi.
— O‘likxonaga qarab hayda,— dedi Hamdam sovuq ohangda.
Sayfi yengil titrab oldi-yu, sir boy bermaslikka harakat qilib:
— Qaysi o‘likxonaga? — dedi.
— Yigirma sakkizinchi mayda o‘lik sotib olgan joylaringga.
Sayfi bu gapdan cho‘chib, Hamdamga qaradi:
— Menga qarama, yo‘lga qara. Qo‘rqma, men seni qamamayman. Sen men uchun guvohsan. Agar o‘zingni go‘llikka solsang, jinoyatchilarning sherigi deb ro‘yxatga tirkab qo‘yish ham qo‘limdan keladi.
— Jon okaxon...
— Yo‘lga qara, deyapman. O‘likxonaga hayda, gap bor. Kallasi yo‘q bola ekansan. Tayyor o‘likni olib borib yoqib yuborganlaringni bilishimiz o‘zinglar uchun yaxshi-ku? Odam o‘ldirish yomonmi, yo tayyor o‘likni yoqib yuborish yomonmi? Bilib qo‘y: bizning oldimizda gunohlaring kamaydi, lekin xo‘jayinlaring oldida yomon gunohga botding. Ba’zan guvoh bo‘lgandan ko‘ra jinoyatchi bo‘lib o‘tirgan ham ma’qulroq.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:24:11
— Bu nima deganingiz?
— Bu deganimki, seni kim yollagan bo‘lsa, o‘sha yo‘q qilishga urinishi mumkin. Sen ovsar, dovdirab kirib qolgan olamda guvohlar hech qachon uzoq yashamaydi. U olamda yo o‘ldirishing kerak, yo o‘lishing kerak, arosat degan gap yo‘q. Mashinani to‘xtat!
Sayfi bu gaplardan dovdirab qolgani uchun, Hamdamning o‘zi rulni boshqardi.
— O‘lik sotib olganlaringni bizga birov aytmadi, o‘zimiz topdik. Lekin baribir buni ham sendan ko‘rishadi. Sen uchun hozir ikki yo‘l bor: birinchisi qamoq, qamab qo‘ysam, joningni saqlaysan. Ikkinchisi, hech kim bilmaydigan yerda yashirinib turasan. Qamab qo‘ya qolaymi?
— Yo‘q, yo‘q,— dedi Sayfi duduqlanib.— Berkinaman.
— Bugunoq qorangni o‘chir. Men qo‘rqitayotganim yo‘q. Anavi o‘zing topib bergan ikki kavkazlikni o‘ldirib ketishgan. Senga ham yopishishlari mumkin, deb o‘ylayapman. Sen dovdirama, menga to‘g‘risini ayt: seni kim yollagan edi?
Sayfi javob bermadi. Qaltirayotgan barmoqlariga qarab o‘tiraverdi.
— Shu quyonyurak bilan bunaqa shilta ishlarga aralashib yuribsanmi?
— Men bunaqaligini bilmovdim.
— Bilganingda-chi? Ukangning ishini to‘g‘rilash oson ekanmi? Kimligini aytasanmi yo yo‘qmi? Bilib qo‘y, hozir hotamtoyligim tutib turibdi. Yomonligim tutib qolsa, onangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:24:39
    Hamdam shunday deb shartta tormozni bosdi. Sayfi munkib, peshonasini oldtokchaga urib olay dedi.
— Aytmasang, bekorga o‘lib ketvorasan, bola. Men ovozingni yozib olayotganim yo‘q, protokol ham yo‘q. Aytsang, o‘zingga yaxshi. Xo‘sh?
— Aytaman, mayli, nima bo‘lsa, Xudodan. Haydar aka bilan gaplashganman.
— O‘zining shuncha yigiti turib, nima uchun senga buyurdi? Ilgari ham bordi-keldi qilarmiding?
— Yo‘q. Uch-to‘rt oy oldin bir odam keluvdi taksoparkka. O‘sha bilan gaplashayotib, ukamning ishini aytuvdim. «Chiqarib beradigan odam bor, ohanini to‘lasang, bas», dedi. Chiqimdan qochmadim, ozgina zakalat ham berdim. U meni Haydar aka bilan tanishtirdi. Keyin o‘zi yo‘q bo‘lib ketdi. Bilsam, o‘ldirib ketishibdi.
— Jalol Komilovmidi?
— Ha, bilasizmi uni?
— Bilganda qandoq? Uni ham o‘shanda sen o‘lik oborgan o‘sha daraxtga osib ketishgan. O‘sha daraxt, chamamda, kimgadir yoqib qolgan. Bitta odamni osib o‘ldirishdi, bitta o‘likni osib yoqishdi. Endi kimni osishar ekan? Xo‘p, davom et-chi? Jalol Komilov pulni olib o‘lib ketdi. Pulga achinib yurganingda, Haydar akang yo‘qlab keldi. Sen xursand bo‘lib ketding. U esa «falon joydan bittagina o‘lik olib chiqib berasan», dedimi?
— Yo‘q, o‘likligini bilmovdim. «Ikkita kavkazlik yigitning molini olib borib berasan, xitlar bilib qolsa, to‘g‘risini aytib ularni ko‘rsatasan, senga tegishmaydi», deganidi. O‘likni ko‘rganim yo‘q, o‘rab olib chiqishdi. Mashinani aytgan joylariga haydadim. Bir chetda poylab turdim.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:25:21
— O‘likxonadagi odamni taniysanmi?
— Tanisam kerak. Ko‘tarishib chiquvdi.
— Nega mujmal qilyapsan, «tanisam kerak», deganing nimasi?
— G‘ira-shira edi, chiroq nurida basharasini yaxshi ko‘rmaganman.
— Unda bashara bor ekanmi, qop-qorong‘ida ko‘rib tanisa ham bo‘ladi.
— Ha, sochlari uzun edi.
Hamdam Sayfini mashinada qoldirib, kasalxona bosh tabibining xonasiga kirdi-da, o‘zini tanitgach, voqeani qisqa holda bayon qildi. So‘ng o‘likxonadagi badbasharani chaqirtirdi. Badbashara Hamdamni taniganday bo‘ldi-yu, qaerda ko‘rganini eslay olmadi.
— Men sendan yigirma sakkizinchi kuni bir o‘lik sotib olgan edim, eslayapsanmi? — dedi Hamdam dabdurustdan.
Bu gapni eshitgan badbashara cho‘chib bosh tabibga qaradi-da, boshini sarak-sarak qildi.
— Aldayapti, o‘rtoq glavvrach. Bunaqasi bo‘lmagan,— dedi.
Hamdam gapni cho‘zmay bosh tabibdan yana ikki xizmatchining kirishini iltimos qildi. Xizmatchilar kirishgach, ularni badbashara bilan yonma-yon turg‘azdi-da, Sayfini chaqirtirdi:
— Yigirma sakkizinchi may, kechqurun bularning qaysi biri o‘likni olib chiqib bergan? — deb so‘radi rasmiy ravishda.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:25:50
    Sayfi ikkilanmay, badbasharani ko‘rsatdi.
Hamdam bu marosimni qog‘ozda rasmiylashtirgach, bosh tabibdan so‘radi:
— Nima uchun murda sudmedekspertizada emas, sizning o‘likxonangizda yotgan edi?
— U kasalxonaga og‘ir ahvolda keltirildi. Halokatdan so‘ng, to‘rt kun yashadi. Agar halokat bo‘lishi bilan joni uzilganda sudmedekspertizaga yuborilar edi, buni o‘zingiz bilasiz-ku?
Hamdam unga javob bermay, badbasharaga qaradi:
— Bu biz bilan ketadi. Kalit-palitlarini olib qoling. Jinoyatga aloqasi bo‘lmasa ham, o‘likxonadagi qilig‘i uchun osish kerak buni.
    Badbashara bir oz oyoq tiradi-yu, Hamdam baqirib, gardaniga bir musht urgach, mulla mingan eshakday bo‘ldi-qoldi.
    Hamdam uni ichki ishlar bo‘limidagi qamoqxonaga qamab, Zohidga telefon qildi. Zohidning telefoni javob bermadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:26:49
3

    Zohidni o‘sha kungi hamkasbi ochiq chehra bilan qarshi oldi. U telefonda «tezlik bilan uchrashishimiz kerak», deganidayoq Zohidning yuragida cho‘g‘langan g‘ulg‘ulaga hozirgi ochiq chehra moy bo‘lib sepilib, alanga oldirdi. «Bir dardi bo‘lmasa, bunchalik muloyim bo‘lmas», deb o‘yladi Zohid. U yanglishmadi. Gapni uzoqdan boshlagan hamkasbi Jamshidning o‘limi tafsilotiga yaqinlashgandayoq, Zohid gumoni to‘g‘ri ekanini fahmladi.
— Sunnatullaevning qotillari o‘ldirildi,— dedi hamkasbi unga sinovchan nazar tashlab.
— Avval o‘sha murda Sunnatullaev ekanini isbotlash kerak,— dedi Zohid.
— Biz hozircha o‘sha murda Sunnatullaev, deb ishonganday bo‘laveraylik-chi. Xullas, qotillar...
— Qotil deb gumon qilinganlar,— deb tuzatdi Zohid.
— Ha, gumon qilinganlar tasodifiy holda o‘ldirildi.
— Balki atayindir?
— To‘g‘ri, balki atayindir. Faqat iltimos, gapning beliga tepmay, eshiting. Demak, qotillar o‘ldirilgan. Yuzaki qaralsa, ishni yopish ham mumkin. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, birodarlarimiz orasida ishni shu tarzda yopishni istovchilar ham bor. Bu kattamizga ham ma’lum. Biz maslahatlashib, bir qarorga keldik. Mayli, shunday bo‘lishni istovchilar murodlariga yeta qolsinlar. Biz go‘yo ishni yopaylik.
— Bu mumkin emas,— dedi Zohid keskin tarzda.
— Gapimni diqqat bilan eshiting, men «go‘yo» deyapman, a? Ishni yopaylik-da, kuzataylik, yana nimalar qilisharkan?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:27:30
— Nima qilishardi, ertaga yana bittasini, indinga o‘ntasini yo osadi, yo otadi. Biz «go‘yo» deb o‘tiraveramiz. Eshaklarga ferma yo‘q, a? Xuddi shunga o‘xshab, ularga ham qonun yo‘q.
— Siz tuppa-tuzuk jizzaki ekansiz. Bizning ishimizda bu yomon illat hisoblanadi. Bir narsani aniq tushunib oling: siz bir kissavurning ishini olib bormayapsiz. Siz gazitchilarning tili bilan aytganda, «uyushgan jinoyatchilar» bilan olishmoqchisiz. Tushunyapsizmi, ular chindan ham uyushgan. Ular bitta yo ikkita emas. Siz-chi? Xo‘p, yoningizda yana ikkita, boring, ana uch-to‘rtta ugro inspektorlari bordir. Sizning hamlangiz ular uchun pista chaqib tashlanganday bir gap. Ular ayrim idoralarga qadar kirib borganlarini mendan yaxshi bilasiz. Kattamiz bularning hammasini hisobga olib, aniq reja bilan, ildizni quritar darajada ishlash kerak, deyaptilar. Shuning uchun kerak joyda hiyla ishlatamiz. Ishni yopish — birinchi hiylamiz bo‘ladi. Sizga bugun-erta ishni yopishni shama qilishsa, mayli, avval jizzakilik qiling. Kattaga raport ham yozing. Faqat raportga rad javob berilsa, dod demang. Sizga topshirilgan boshqa ishni yuritavering. Lekin bu ishdan butunlay ko‘z yummaysiz, zimdan ish yuritaverasiz. Kavkazliklarning o‘limi bo‘yicha ishni men yuritaman, demak, barcha ma’lumotlar menda to‘planishi kerak. Gapimga to‘la ishonishingiz uchun bir sirni ochay: bu masala boshqa idoralar bilan ham kelishilgan. Birgalikda harakat qilinadi. Masalaning jiddiyligini endi tushundingizmi?
Zohid gap ohangidagi samimiyatga ham uncha ishonqiramadi. Bir oz o‘ylab o‘tirgach:
— Balki avvalgi ishimga qaytganim ma’quldir? — dedi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:28:14
— Bu fikrni xayolingizdan chiqarib tashlang. Bir gap aytaman, taltayib ketmang yana: kattamizning sizga mehri tushgan. «Prokuraturani Sharipovga o‘xshaganlar hisobiga mustahkamlash kerak», dedi. Xudo biladi, balki yaqin o‘rtada yonma-yon xonada ishlarmiz?
— Men o‘ylab ko‘rishim kerak.
— O‘ylab ko‘rishim kerak? Gaplarimga ishonqiramayapsiz shekilli?
— To‘g‘risini aytaymi? — dedi Zohid unga tik qarab.— Uncha ishonmayapman.
— O‘tgan safar ham ko‘rishganimizda aytgan edim. Bu kasallikdan qutulishga harakat qiling.
Shunday degach, u Zohidni kuzatib qo‘ydi.
    Zohid tashqariga chiqib soatiga qaradi-yu, Hamdamning gapini esladi. «Meni qidirayotgandir», deb iziga qaytdi-da, navbatchining telefonidan unga qo‘ng‘iroq qildi.
— Qayoqlarda sanqib yuribsan, prokuror, tez yetib kel, senga allambalo sovg‘a tayyorlab qo‘ydim,— dedi Hamdam.
    Zohid avval o‘zi ishlagan depara ichki ishlar bo‘limiga kelib, Hamdamning allambalo sovg‘asi nima ekanini bilgach, o‘ylanib qoldi.
— Ha, qilgan ishim yoqinqiramadimi? — dedi Hamdam gina ohangida.
— Yoqishga yoqdi... Lekin bu ish... yopilyapti.
— Nega yopiladi? Chigalni endi yechyapmiz-ku? Yana bir harakat qilsak, ularning giribonidan olamiz.
— Shunaqa-ku... lekin... Hamdam aka, iltimos, siz hozir qistovga olib so‘ramang, men aytmay.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:29:14
— Mendan sir yashiradigan bo‘lib qoldingmi?
— Yashirmayman. Vaqti kelganda aytaman, xafa bo‘lmang,— Zohid shunday deb telefon go‘shagini ko‘tarib, hamkasbiga telefon qildi:
— Sharipovman,— dedi u.— Yigirma sakkizinchi mayda yoqilgan murdani sotgan odam ushlangan. Nima qilaylik?
Hamkasbi darrov javob bermay, o‘ylandi. So‘ng:
— Qo‘yib yuboring,— deb amr etdi.— Boshqa yoqqa ketib qolmaslik haqida tilxat olingu qo‘yib yuboring.
— Qo‘yib yuborsak, kavkazliklar ortidan jo‘nab qolmasmikin? Balki jonini saqlash uchun ham qamash kerakdir?
— Yo‘q, uni kuzatish masalasini o‘zimiz hal qilamiz.
Zohid go‘shakni joyiga qo‘yib, og‘ir tosh ko‘tarib charchagan odamday Hamdamga qaradi:
— Shunaqa gaplar, aka, tilxat olib qo‘yib yuboring. Taksichini ham.
— Men unga qochib qol, devdim.
— Yo‘q, qochmasin. Ehtiyot chorasini ko‘rishar ekan.
— Men senga tushunmay qoldim, prokuror? — dedi Hamdam ovozini balandlatib.
Zohid esa unga qarab hazin jilmaydi-da:
— O‘zim ham tushunmay qoldim,— dedi.
— Quloqqa lag‘mon osma, prokuror, sen baloga tushunadigan bolasan. Bir dengizchidan «ahvol qanaqa?» deb so‘rashsa, «kayfiyatlar a’lo, cho‘kyapmiz» degan ekan. Bizning ahvolimiz ham o‘shanaqa emasmi?
   Zohid Hamdamga javob qaytara olmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:31:02
XXV  b o b

1
   
     Elchin Zaynabdan xabar olgani nonushtadan so‘ng keldi. To‘yda kechasi bilan xizmat qilgach, peshinga qadar uxlash odati bor edi. Xotinining kechagi ahvoli uning bemalol uxlashiga yo‘l bermadi.
    Elchin o‘ziga peshvoz chiqib, salomlashgan qaynonasining ko‘zida yashirin bir sarosimani sezdi. «Yana mazasi qochdimi, yana kasalxonaga olib borib qo‘yishdimi?» deb o‘yladi. Ayvonga yetar-etmas uydan Zaynab chiqib kelgach, «xayriyat» deb qo‘ydi. Zaynab eriga salom berayotganida nigohini olib qochdi. Elchin buni ham sezdi. «Ona-bolaga bir gap bo‘lgan-mi?» deb qo‘ydi. Ichkari kirib duo qilingach, Manzura choy bahonasida chiqdi.
— Tuzukmisiz? — dedi Elchin, xotiniga tikilib.
Zaynab bu qarashga dosh berolmadi.
— Rahmat,— dedi siniq ovozda. So‘ng nigohini ko‘tarmagan holda: — Dadam kelgunlaricha shu yerda turib tursam maylimi, oyim yolg‘izlar, — deb so‘radi.
    Elchin Asadbekning xastalanib qolganidan bexabar, «bir-ikki kunda kelib qolar», deb ruxsat berdi. Avvallari Zaynab bunday iltijo bilan so‘ramas edi. «Uyga boraman» yoki «yotib qolaman» deb qarorini ma’lum qilardi. Shunda Elchin «ming qilsa ham otasining qizi-da», deb g‘ashi kelardi. Hozir iboli xotin singari odob bilan ijozat so‘ragani uchun ham osonlik bilan ko‘ndi.
    Manzura er-xotin gaplashib olsin, degan fikrda choyni damlab, darrov kira qolmadi. Bundan Zaynab betoqat bo‘ldi. U onasining tezroq kirishini, erining tezroq ketishini istayotgan edi. Nazarida, eri ko‘ziga tikilib turib:
— Kecha qaerda eding? — deb so‘rab qoladiganday edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:33:08
Onasi kiravermagach, Zaynab o‘rnidan turdi:
— Men boray endi, — deb Elchin ham qo‘zg‘oldi.
Er-xotinni ayvonda ko‘rib, Manzura oshxonadan shoshilib chiqdi:
— Voy, nimaga turdingiz? Hozir choy qaynaydi. Gaz o‘lgur aksiga olib pastlab qoldi-ya...
Elchin ishini bahona qilib xayrlashdi.
    Zaynab erining tezda qo‘zg‘alganidan mamnun bo‘lib, yotog‘iga kirib ketdi. Manzura izma-iz kirdi-da, qizining yuzini siladi:
— Ering bir nima dedimi?
— Adam kelgunlaricha turishimga ruxsat berdilar. Hozir to‘ylari ko‘p, ertalabga yaqin keladilar.
— To‘y-po‘yini yig‘ishtirsa bo‘lardi. Adangga aytaylik, bironta ish topib bersin.
— Qo‘ying, oyi, bilganini qilsin. Birpas dam olay...
Onasi peshonasidan o‘payotganida Zaynabning eti seskandi.
Onasi chiqib ketgach, yuztuban yotib oldi.
    U yarim tunda kelib, onasini qo‘rqitib yuborgan edi. «Kuyovingiz to‘ydalar, uyda yolg‘iz qo‘rqdim», deb bahona qildi. Manzura bu bahonaga unchalik ishonmadi. Chunki kech soat o‘nlarda qo‘ng‘iroq qilganida hech kim javob bermagan, boloxonadagi yigitlardan birini yuborganida u «darvoza qulf, chiroq o‘chgan», deb kelgan edi. Manzura «er-xotin mehmonga ketgandir», deb o‘yladi-yu, ammo «nima uchun menga aytmadi?» deb baribir xavotir oldi. Qizining tunda, parishon holda kirib kelishi, undan qandaydir yoqimsiz hid taralishi Manzurani g‘alati holga soldi. Zaynabni qiyin-qistovga olishga qo‘rqdi. Bir tomondan tobi yo‘q, boshqa tomondan jahl ustida yana o‘zini bir nima qilib qo‘yishidan qo‘rqdi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:34:17
    Kuyovi kelgandagi nigohida bexos zuhur bo‘lgan havotir uchquni shundan edi.
Zaynab odamiylik libosini yechib, hayvonlik martabasiga tushgan uydan chiqqanida ko‘chalardagi qatnov hali to‘xtamagan edi. Shayton g‘olibligida avval lazzat topgan, so‘ngroq o‘z-o‘zidan nafratlangan bu juvonga ko‘chalar, nainki ko‘chalar, olam tor tuyular edi. U ovsar holatida ko‘p ko‘chalarni kezdi. Qaerlarda tentirab yurganini hozir ham fahm eta olmaydi. Qayoqqa borishni, nima qilishni istadi — bu ham esida yo‘q. Yodida qolgani — anhor ko‘prigidan o‘tayotganda «o‘zimni tashlasam-chi, bira to‘la qutulsam-chi», degan o‘y xayoliga keldi. Nazarida, suvdan bir ovoz ham keldi: «Kel, cho‘milib ol, poklanib ol. Poklik dunyosi shu yerda, kela qol!» Ovozni eshitib qo‘rqdi. O‘zini qirg‘oqdan olib qochdi. Yodida qolgani faqat shu. Uni ajablantirgani, yanada aniqroq aytsak, vahimaga solgani shuki, uyga kelib bir ozgina mudraganda ham, uyg‘onganida ham shu ovozni eshitganday bo‘ldi. Hozir, onasi chiqib ketganidan so‘ng ham qulog‘iga shu ovoz urilib, sapchib turib ketdi.
    «Bunaqada jinni bo‘lib qolaman, — deb o‘yladi, ikki chakkasini uqalab. — Nima qilay? Yolg‘iz o‘tirsam vos-vos bo‘lishim turgan gap. Kim bilan gaplashay? Kim ko‘nglim chigilini yozadi? Mardona... Yo‘q, yo‘q...».
    Zaynabning nafasi qaytib, hovliga chiqdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:36:02
2

    Avval bir qanot qirqildi, so‘ngroq ikkinchisi...
    U ikki qanoti kesilib, mushuklar orasida qolgan musicha holiga tushdi. Kechagina u o‘zini lochin his etgan edi. Dushmaniga chovut solmoqni niyat qilgan edi. Endi bilsa u bor-yo‘g‘i musicha ekan... Ikki qanoti yo‘q musicha...
    Dunyodagi hamma zo‘r tabiblar yig‘ilib «shu odam jinni», deb xulosa chiqarganida ham Elchin ishonmas edi. Ayniqsa jinni bo‘lib, o‘zini osishi. Elchin do‘stidan ayrilganiga bir kuysa, odamlarning «aqldan ozgan ekanda, a?» deb ishonganlariga o‘n kuyar edi. U Xonzodaning «keyingi paytlarda g‘alati bo‘lib qoluvdilar o‘zi», deganini eshitib, bu xotindan ham nafratlanib ketdi.
    Tushlarida Anvarni ko‘rib, alahsirab uyg‘onadigan bo‘ldi. Bir kuni mizg‘igan chog‘ida Anvar oppoq libosda ko‘rinib, maymunbashara odamga qo‘lini bigiz qildi: «Mening qotilim shu, ustozning qotili ham shu,— deb Elchinga qaradi: — Qasos olmaysanmi? Noila uchun qasos olmoqchi eding. Men-chi? Arzimaymanmi?..»
    Elchin ko‘zini ochib, o‘ylanib qoldi. Ko‘rgani tushimi yo o‘ngi ekanini anglamadi.
O‘sha kuniyoq u Halimjonni izlab topdi. Daf’atan maqsadini ayta olmay, gapini uzoqdan boshladi:
— Ishlar qanday bo‘lyapti endi? — dedi.
Halimjon «bularning ishi qanday ekanini nahot bilmasangiz?» deganday unga ajablanib qaradi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:36:25
— Qanaqa qopqonga tushganimni bilmay turibman, aka, — dedi gardanini qashib. — Haydar aka deganlari, bilmayman, odammi yo ho‘kiz-po‘kizmi... Gapga tushunmaydi. Ho‘kizga «xo‘-o‘sh!» desangiz tushunadi, buningiz tushunmaydi. O‘zi jimittakkinayu havosi devdak. Bir xil paytlarda mijib tashlagim kelyapti. Boshqalari ham shunaqa bo‘lsa, ranjimangu aka, bular minan mening chatag‘im yo‘q.
— Ha, nima bo‘ldi o‘zi?
— Men Asad akaga ham to‘g‘risini aytganman. Urish-o‘ldirish mening kasbim emas. Haydar aka tunovinda bir ish topshirdi. Aka-ukalarning kimdandir qarzi bor ekan. Ikkovini tutib kelishdi. Ukaga aytildi-ki, uch soatda pul bo‘lsin, yetkazib kelmasang, akang o‘ladi. Men sodda, buni po‘pisa deb o‘ylabman. Uch soatda pul kelmagach, akani urib, mijib qo‘yasan, deb menga buyruq berdi. «Urmayman», dedim. To‘g‘ri-da, uni tanimasam, bilmasam. Puli yo‘qdirki, vaqtida bermagandir. Yo‘q, tushuntira olmadim. Boshqalar urib ketishdi. Men uni ajratib oldim.
— Bekor qilibsiz. Ular balki sizning himoyangizga arzimas.
— Nega unday deysiz? Pul uchun ham odamni shunday urish mumkinmi?
— Mumkin. Pulning qanchaligini bilmadingizmi? Bu aka-uka kimnidir kuydirgan. Bularning qo‘lida pul aylanib turishi kerak. Aylanmasa «o‘lik pul» deyishadi. Garovda million so‘ming turibdi nimayu millionta murdaning egasi bo‘lding nima, farqi yo‘q. Ular orasida «pul jigar qonidan bo‘lgan» degan aqida yuradi. Pul uchun qotil yollab, eng yaqin odamini ham o‘ldirtirib yuborishdan qaytishmaydi. O‘sha siz rahm qilgan aka-uka, bugun qarzdan qutulib, ertaga birovni qarz qilib, xuddi shu holga soladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:37:12
— Baribir nohaqlik-da, aka?
— Nohaqlikka nohaqlik. Men ularni oqlayotganim yo‘q. Vaziyatni tushuntiryapman. Halimjon, bu kecha yo bugun boshlangan ish emas. Qadimdan shunaqa bo‘lib kelgan. Shu mahallada inqilobdan oldin Bukir qimorvoz degan odam o‘tgan ekan. Qarib, qimordan nari bo‘lgach, qozilik qila boshlabdi. Kim sigirmi, otmi yo‘qotsa shu odamga arz qilarkan. U topib berarkan. Sigir egasidan ham topib bergani uchun, o‘g‘ridan mirshabga topshirmagani uchun haq olarkan. Ana o‘shaning ishi hozir sal boshqacha ko‘rinishda-da. Siz nohaqlik deysiz. Xo‘p, unda haq tomonga ko‘chaylik: Kesakpolvonni o‘ldirish kerak, desam, o‘ldirasizmi?
— Kim?
— O‘sha Haydar akangizning laqabi Kesakpolvon. Uning marazligini bilib turibsiz. U o‘ldirilsa bu yoqdagi qancha jonlar omon qoladi.
— U o‘ldirilsa sheriklari bor-ku, ishni davom ettiraverishadi.
— Ular ham birin-ketin o‘ldiriladi.
Halimjon hushtak chalib qo‘ydi.
— Bo‘ladigan gap emas, bu aka.
— Men sizga bir sirni ochishga majburman. «Hofiz akam bular bilan bir qozondan osh ichadi», desangiz yanglishasiz, uka. Men o‘lganimning kunidan ular bilan birgaman. Men ularning tovog‘idan osh ichmayman. Men ilon bo‘lib ularning bag‘riga kirib olishim kerak edi. Kirdim. Endi bitta-bitta chaqib o‘ldiraman. Bilaman, bu oson emas. Menga yordam kerak. Sizni birinchi marta ko‘rgandayoq men shuni xayol qildim. Asadbek yonida yursangizu, menga lozim paytda ko‘maklashsangiz, biz bularning ildizini quritamiz.
    Kutilmagan bu gap chinmi yo sinash uchun aytilyaptimi, Halimjon tushunmadi.
— Bularning qilib yurgan ishidan ko‘pchilik norozi, ko‘pchilik qo‘rqadi. Lekin kimdir unga qarshi chiqishi kerak-ku? Siz halol, adolatparvar do‘stlaringiz bilan meni tanishtiring. Mana, yaqinda bir qadrdon do‘stim o‘zini osdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:37:43
— Shularni debmi?
— Yo‘q, boshqa odam majbur qilgan. O‘sha odam o‘sha jinnixonada, o‘sha hojatxonada osilishi kerak. Do‘stimning ruhi shuni talab qilyapti. Buning uchun ham menga yordam kerak.
— Hofiz aka, ranjimang, bu gaplaringiz menga yoqmayapti.
— Halimjon, o‘ylab ko‘ring. Busiz adolat bo‘lmaydi. Ponani pona bilan chiqariladi.
Bu yovuzlik uyasiga tushib qolib, yolg‘iz qush holatida yurgan Halimjonga Elchinning gaplari boshqa bir yovuzlik uyasiga chorlash kabi tuyuldi. Elchin uning holatini tushungani uchun «eng muhimi aytdim, o‘ylab ko‘radi», deb uzoq da’vat qilmadi.
    Halimjon xayrlashib, qaytayotganida darvoza bo‘sag‘asida Shomilga duch keldi. Ikkovi avval bir-biriga taajjub bilan tikildi. Bir nafasdan so‘ng taajjub o‘rnini burgut qarash egalladi. Yaxshiki, bularning xo‘roz kabi patlari yo‘q, bo‘lgandami, darrov hurpaytirib olardilar. Shomil Halimjonning orqasidan kelayotgan Elchinni ko‘rib sovuq tirjaydi-da, darvoza bo‘sag‘asidan chekinib, yo‘l bo‘shatdi. Halimjon esa zaharli qarashiga isloh kiritmagan holda uning yonidan o‘tib, mashinasiga o‘tirdi. O‘n qadam naridagi «jiguli»da bir ayol o‘tirganini ko‘rdi, ammo «kim ekan u?» deb sinchiklab qaramadi.
    Halimjon ketgach, Shomilning ishorasi bilan juvon mashinadan tushib Elchin sari kela boshladi. Juvon g‘oyat go‘zal, yurishi ham o‘ziga yarasha tamannoli edi. U Elchinga yaqinlashib, yosh ko‘ngillarni entiktirib yuborish qudratiga ega bo‘lgan shirin jilmayish hadya etdi-da, qo‘lini uzatib:
— Valya, — deb o‘zini tanishtirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:38:35
    Entikish yoshidan o‘tgan bo‘lsa-da, Elchinga bu jononning jilmayishi xush yoqdi, oppoq, momiq qo‘lning tafti esa vujudiga iliqlik berdi. Bu iliqlikni o‘sha zahoti Shomilning yoqimsiz ovozi haydadi:
— Xonimning zarur ishi bor ekan senda, — dedi u Elchinga.
Elchin o‘zini tanishtirib, ichkari taklif etgach, Valya Shomilga qaradi-da, «sen mashinada o‘tira tur, bu yerda mashina o‘g‘rilari ko‘p deb eshitdim», deb ostona hatlab ichkari kirdi. Valya shu amri bilan o‘zining martabasi baland ekani, Shomilni esa nochor bir qul ekanini ta’kidladi.
    Elchin: «Shomilning popugini pasaytirib qo‘ygan bu oyimcha kim bo‘ldi?» — deb ajablandi. Valya Elchinni jumboqlar dengizida suzishiga yo‘l qo‘ymadi. Uyga kirib o‘tirishi bilan maqsadga ko‘chdi:
— Meni Zelya yubordi.
— Kim? — dedi Elchin o‘zini tushunmagan qilib ko‘rsatib.
— Zelixan, akademik, — dedi Valya.
— O‘zi qaerda?
— O‘zi Sochida. Zarur ish bilan band. Kelolmadi. Bir gapni aytib yubordi: oxirgi marta tunagan joyda Dostoevskiyning to‘rtinchi jildi orasida bir varaq qog‘oz bor ekan. Unda pul qaerga yashirilgani aytilgan ekan.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:39:51
— Qanaqa pul? — dedi Elchin yuziga ovsarlik niqobini tushurib.
— Yig‘ib qo‘ygan puli bor ekan. Shuni topib, yarmini mendan berib yuborar ekansiz.
— Yarmi-chi?
— Yarmi sizga ekan. Nima qilishni o‘zingiz bilar ekansiz. Qaerda tunaganini bilarsiz?
Bo‘liq soniga Elchinning bot-bot qarab qo‘yayotganini sezgan Valya etagini yanada yuqori ko‘tarib, oyoqlarini chalishtirib oldi.
— U bir joyda yashamas edi. Yotib yuradigan bir-ikki joyini bilaman, vaqtim bo‘lganda qarab qo‘yarman.
— Kutishga fursat yo‘q. Birga boramiz. Shu bugunoq.
— Menga ishonmaysizmi?
— Siz-chi? Menga ishonyapsizmi?
— Ham ishonmayapman, ham ishonyapman, — dedi Elchin kulimsirab.
— Sabab?
— Ishonishimning boisi, Zeli og‘a chiroyli ayollarni tanlashga ustalar. Ikkinchidan, yaqinda menga Sochidan qo‘ng‘iroq qildilar. Ishonmasligimning sababi — telefonda bu haqda hech nima demadilar.
— Bu telefonda aytadigan gap emas. Ketdikmi?
— Hozir men ishga borishim kerak. Kutishyapti.
— Ansamblingiz bor ekan, a? Men ham san’atga o‘larday qiziqaman. Repetitsiyangizga olib boring, zerikmayman, rost.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:41:29
Elchin «quvgina xonimcha ekanmi?» deb o‘yladi-da, unga qarab jilmayib:
— Marhamat, yuring, — dedi.
Elchin mashinani ko‘chaga olib chiqayotganida Valya Shomilni imlab chaqirdi-da, «orqamizdan qolma», deb shipshidi.
    Elchin Valyaning maqsadini darrov fahmladi. Ro‘paradagi ko‘zgudan qarab, Shomilning izma-iz kelayotganini ko‘rdi. «Zeli og‘a tashlab ketgan boylikning cho‘g‘ini bilishadi shekilli, — deb o‘yladi  Elchin. — Shiraga yopishgan itpashshaga o‘xshab qolishdimi, endi bulardan osonlikcha qutulish mumkinmasdir. Biron chora o‘ylashim kerak. Bu xonimcha chindan ham Zeli og‘ani biladi. Dostoevskiyning to‘rtinchi jildini faqat Zeli og‘a aytishi mumkin. Lekin nima uchun aytdi, nima uchun aynan shu xonimchaga aytdi? Nima uchun bu xonimcha g‘ilayni laychadek ergashtirib yuribdi?..»
Valya uning ko‘zgu orqali bot-bot qarayotganini sezib:
— Bir narsadan xavotirdamisiz? — deb so‘radi. Keyin izoh berdi: — Orqadagi mashinadan qo‘rqmang. Kerakli uyga kirib chiqqanimizdan so‘ng sizga yuk bo‘lmay olib ketar, degan maqsadda «izimizdan yur», devdim.
— Valya, siz menga yaxshiroq qarang, men qo‘rqadigan yoshdan o‘tganman. Zeli og‘a tariximni aytib bermadimi?
— Siz haqingizda juda oz gapirdi. Lekin eng muhim ishni aytib ketdi.
— Aytib ketdi? — Elchin ajablanib unga qarab oldi.
— Aytib yubordi, demoqchiman, — dedi Valya xatosini tuzatib. — U siz haqingizda Xongireyni ogohlantirdi. Endi siz shaxsan Xongireyning himoyasidasiz. Hech narsadan qo‘rqmang.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:42:03
— Anavi g‘ilaydan hammi? — dedi Elchin hazil ohangida.
— Fu, — dedi Valya labini burib, — u peshka-ku! Qulvachcha-ku!.. Ha-ya, esimdan chiqibdi. Zelya yana bir gapni aytib yubordi. Sizni qiziqtirgan odam chindan ham Sochida edi.
— Kim?
— Jamshid, — Valya Jamshid bilan tanishganini, g‘ordagi uchrashuvni qisqacha bayon qildi.
— Hozir ham Sochidami?
— Ketgan bo‘lishi ham mumkin.
— Qayoqqa?
— Balki Moskvadadir. U endi Xongireyning xizmatini qiladi.
— O‘zi istadimi?
— Uning istagi kimga kerak, Xongirey istadi.
— O‘zi xohlamasa-chi?
— Unda... rostdan ham o‘ladi.
— Xongireyning odami kammi, uni nima qiladi?
— Bu, azizim, ularning ishi. Siz hozir repetitsiyangizga ketyapsizmi, demak, shu ishni o‘ylang.
— Umuman, yaxshi taklifni aytdingiz. Bizda och qornim, tinch qulog‘im, degan maqol bor.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:42:25
— Maqolingiz yomon emas, ammo qorin to‘q, quloq tinch bo‘lsa, yana yaxshiroq.
— Valya, bir narsani so‘ramasam, «bu odam g‘irt laqma ekan, bir og‘iz gapimga ishonib xazinani qo‘limga tutqazib yubordi», deysiz. Men Zeli og‘ani bilaman, qo‘li ochiq odam. Lekin sizga bunchalik hotamtoylik qilganining boisi nima ekan? U bilan yaqin edingizmi?
— Er-xotindan ham yaqinroq edik.
— Tushunmadim?
— Nimasiga tushunmaysiz? Sizga o‘z xotiningiz yaqinmi yo o‘ynashingizmi? Har bir erkak xotinidan qizg‘anganini o‘ynashiga hech ikkilanmay sarflaydi, yo noto‘g‘rimi? Buni siz yaxshi bilasiz. San’atkorning o‘ynashi ko‘p bo‘ladi.
— Afsuski, men o‘ynashi yo‘q san’atkorlardanman.
— O‘, shundaymi? Buning uchun chindan ham afsus qilish kerak va bu xatoni tuzatish shart, — dedi Valya kulib. — Menga o‘xshaganlarni topib oling.
— Sizga o‘xshaganlar bu shaharda boshqa yo‘q bo‘lsa-chi?
— Men hozircha shu shahardaman-ku?! — Valya shunday deb ko‘zlarini nozli suzdi.
Elchin ko‘zguga qarab oldi-da, mashina tezligini oshirdi. Buni sezgan Valya «nima gap?» deb xavotirlandi.
— Qozoqlar chiroyli juvonlarni olib qochib ketishadi. Men ham sizni g‘ilaydan olib qochyapman.
— Siz qozoq emassiz-ku?
— Chiroyli juvonga yetishish uchun qozoq bo‘lsam ham mayliga.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:43:55
    Bir necha chorrahani kesib o‘tishgach, Shomil boshqarayotgan mashinaning qorasi o‘chdi. Bu Elchin uchun muddaoning o‘zi bo‘ldi. U g‘ilayni qanday chalg‘itsam ekan, deb turganida jonon qochirimli gapi, nozli qarashi bilan unga bahona topib berdi. Valyaga esa Shomilning ko‘zdan yo‘qolgani yoqmadi. Chunki Hosilboyvachcha unga Elchinning kim ekanini aytgan, ehtiyot bo‘lishni tayinlagan edi. Ularning mo‘ljalicha, Zelixon boylikning yarmini in’om etdimi, demak, hammasiga ega chiqish mumkin, otarchini ulushga qo‘shishning hojati yo‘q.
    Hosilboyvachcha: «Elchin u joyni balki darrov ko‘rsatmas, balki chalg‘itishga harakat qilar, mayli urinaversin, biz uning har bir bosgan qadamini kuzatamiz», deb edi. Birinchi harakatdayoq kuzatuvchisi pand yedi. «Chindan ham ayyorga o‘xshaydi», deb o‘yladi Valya. Lekin tashvishga tushmadi. O‘n uch yoshidan beri Xongireyning tarbiyasida bo‘lgan bu juvon biri ikkinchisiga o‘xshamagan hiyla-nayranglarni ko‘raverib, ko‘zi pishib ketgan. U Elchinni dastlab ko‘rganidayoq «buni mushuk boladay o‘ynataman», deb qo‘ygan edi, hozir uning harakatini kuzata turib, «baribir o‘ynataman» deb ahdini qat’iylashtirdi.
Valya Elchinning soniga shapatiladi:
— Sekinroq hayda, g‘ilay senga yoqmasa shunday ham orqasiga qaytarib yuboraman, — dedi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:45:28
— Buyruq bilan qaytarishning qizig‘i yo‘q, olib qochishning mazasi boshqa, — dedi Elchin, o‘zini go‘llikka solib. — Valya, repetitsiyaga bormayman. Seni hozir Zeli og‘ani kuzatib qo‘ygan uyga olib boraman. Yettinchi qavat, o‘ngdagi birinchi eshik. Sening adashing, Valentina Mixaylovna. Kirasan, aytasan, o‘sha kitobni o‘zing olasan. Keyin, rozi bo‘lsang, restoranda otamlashamiz.
— Yaxshi. Ammo uyga birga kiramiz. Aldab ketasan, degan gumonda emasman. O‘sha narsa ikkalamizga tegishlimi, demak, birga kirib, birga olamiz.
    Yettinchi qavat, o‘ngdagi jigarrang charm qoplangan eshikni yoshi elliklarda bo‘lgan, ammo malohatini saqlab qololgan ayol ochib, Elchinni ochiq chehra bilan qarshi oldi.
— Bu Valya, Zeli og‘aning xotini, — dedi Elchin, «o‘ynashi» deyishni ep ko‘rmay.
— Xotini emasman, nega yolg‘on aytasan? — dedi Valya. — O‘ynashiman. O‘ynash xotindan ham yaqinroq bo‘ladi, shunday emasmi, Valentina Mixaylovna.
— To‘g‘ri, — dedi uy bekasi kulib, — Zelyaning uylanganiga baribir ishonmas edim. U uylanib, oyoq-qo‘llarini bog‘laydigan erkaklardan emas. O‘ynash ekaningizga ishonaman. Chunki Zelyaning didi zo‘r. Uncha-muncha juvonni o‘ynash tutmaydi.
— Valentina Mixaylovna, sizda Dostoevskiyning kitoblari bormi? — deb so‘radi Elchin.
— Bor. To‘liq asarlar to‘plami bor. Nima edi?
— To‘rtinchi jildda menga atalgan bir xat bor ekan, ko‘zingiz tushmadimi?
— Savol qiziq, men kitob o‘qiymanmi? Muqovasi chiroyli bo‘lgani uchun javonga terib qo‘yganman. Kir, qaray qol.
    To‘rtinchi jildda darhaqiqat maktub bor edi. Elchin qog‘ozni olib, Valyaga uzatdi. Valya xatga ko‘z yugurtir-  di-yu, rangi bo‘zarib, uni yana Elchinga qaytardi-da:
— Qaysi tilda yozgan o‘zi? — deb ming‘irladi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:46:27
Elchin xatni o‘qib, Valyaga nigohini o‘qdek qadadi:
— Zeli og‘aga nima bo‘ldi? — deb so‘radi sovuq ohangda.
Valya unga javob bermay, xatni olib sumkasiga soldi-da:
— Rahmat, Valentina Mixaylovna, biz shoshib turibmiz, — deb eshik tomon yurdi.
Uning tez-tez yurishidan, gapirgisi kelmay qolganidan, mashina eshigini qarsillatib yopishidan Elchin bildiki, hayajonlanyapti. Elchin arqonni uzunroq tashlashga ahd qilib, mashina motorini o‘t oldirdi-da «qayoqqa?» deganday Valyaga qaradi.
— Hosilnikiga hayda, — dedi Valya amr ohangida.
Bir necha daqiqa burun ko‘zlari nozli suzilib, o‘ynashlikka rozi bo‘layozgan xonim endi bekalik martabasiga chiqib oldi. Elchin ham unga so‘zsiz bo‘ysundi.
— Nima yozganini so‘ramading? — dedi Elchin bir oz yurishgach.
— Hosil tarjima qilib beradi.
— Hosilnikiga borguncha xatning mazmuni o‘zgarib qolmaydi. Unda xazina haqida gap yo‘q.
— Nega? — Valya unga hayrat bilan tikildi. — Nimani yozibdi?
— Sen avval Zeli og‘aga nima bo‘lganini ayt.
— Aytsam, aytmasam u endi yo‘q, bildingmi?
— Nima bo‘ldi?
— Mening bilganim shuki, u Moskva yuritayotgan bir siyosatga aralashib qolgan. Bu sohada biron nimani bilib qolgan kimsaning tirik yurishi mumkin emas.
— O‘ldirishdimi? Qaerda? Sochidami?
— Bilishimcha, o‘zining qishlog‘ida.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:47:45
— Qiziq... u qishlog‘iga ketgan edi. Menga Sochidan qo‘ng‘iroq qildi. Sochiga nima uchun bordi, seni ko‘rganimi? Keyin yana qishlog‘iga qaytdimi?
— Mening bilganim shuki, Sochiga uni Xongirey oldirib keldi. Qutqarib qolmoqchi edi, eplay olmadi. Bu masalani chuqurlashtirma, qancha tez unutsang, o‘zingga shuncha yaxshi. Xatda nima debdi? Unga bir nima bo‘lganini qaydan payqading?
— «Uzoqroq safarga qaytmas bo‘lib ketsam...» deb yozibdi.
— Keyin-chi?
— Bo‘yindagi qarzni sen to‘lab qo‘y, debdi.
— Qanaqa qarz?
— Farg‘onada bir turk qadrdoni bor edi. Uylari yonib ketgan ekan. Shuning o‘rniga masjid qurdir, debdi.
— Masjid? — Valya sumkasidan sigaret chiqarib labiga qistirdi-da, tutatdi. — Esi past edi Zelyaning, esi pastligi uchun o‘lib ketdi.
— Uning o‘lganini o‘zing ko‘rdingmi?
— Yo‘q... Mening uyimdan olib ketishdi. O‘lganiga ishonmayapsanmi? Ishonaver. Ularning changalidan chivin ham qutulib chiqolmaydi.
Elchin Hosilning mahallasiga yetganda chap qolib, atayin o‘ng tomonga burildi. Valya buni ko‘rib:
— Chapga yurmaysanmi? — dedi.
Elchinga shu gap kerak edi — Valyaning bu yerda avval ham bo‘lganini aniqladi.
Darvoza ostonasida ularni Shomil qarshiladi. U g‘ilay ko‘zlarini Elchinga xunuk tarzda qadadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:49:02
— Hosil uydami? — dedi Valya hovliga kirib.
— Ha, — dedi Shomil, — ichkarida.
    Valya Elchinga qarab «kutib tur», dedi-da, uy tomon yurdi. Elchin turgan joyida qotib turaverdi. Shu topda, kutilmaganda xayoliga bir fikr keldi: «Zeli og‘ani shularning o‘zi gum qilmadimi? — deb o‘yladi u. — Bularga faqat pul kerakmi? Hosilboyvachcha shu pulga muhtojmi?»
    Zelixon xayrlashayotgan paytda, qaytib kelmas bo‘lib ketayotganini sezganmi, semiz diplomatni Elchinning qo‘liga tutqazib: «Buning ichida ozgina pul, tilla, javohir bor. Qaytib kelmasam, men aytganday ishlatasan. Nima qilishingni bir xatga yozganman. Xatni Valentinanikiga qo‘yganman. Qaerdaligini senga alohida ma’lum qilaman. Ishonmayapti, deb o‘ylama. Shu xatni o‘qib, nima bo‘lganimni, nima qilish kerakligini bilasan», degan edi. Keyin «bu diplomat sen uchun bombaday gap, buning xushtorlari ko‘p. O‘n yildan beri qidirishadi. O‘zing ham ehtiyot bo‘l, buni ham ehtiyot qil», deb tayinlagan edi. Xazina Elchinning ixtiyorida, xat mazmunidan xabardor. Unga faqat bularning asl maqsadlari qorong‘u.
    «Zeli og‘a aytgan xushtorlardan biri shularmi? O‘lim oldida bularni chalg‘itdimi? O‘lim oldida? Meni bular laqillatmayaptimi? Unda xat-chi? Xat so‘nggi chora edimi u uchun?»
    Elchin Zelixonning Fedyani laqillata olgani, uning marhamati bilan ketar chog‘ida to‘shak bahona, Valyaning yotog‘iga kirganidan, maishat o‘rniga Valyaga gap tayinlaganidan bexabar edi. Valyaning Moskvaga uchgani, Xongirey bilan uchrashgani, Elchinni himoyasiga, Jamshidni esa xizmatiga olish haqidagi Zelixonning iltimosini yetkazgani ham u uchun qorong‘i edi. Zelixon ertami-kechmi Jamshid qaytsa, Elchin uni gumdon qilishga urinib, o‘zi ham halok bo‘lishi mumkin, degan xavotirda shu iltimosni Xongireyga yetkazgan edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:49:40
    Zelixonning o‘limga borayotib ham birodarining bexavotirligini o‘ylashi Elchinga noma’lum edi. Ma’lum bo‘lgandami, bu ayriliqqa chidashi nihoyat darajada og‘ir bo‘lardi...
    Bir ozdan so‘ng Hosilboyvachcha eshik ostonasida ko‘rinib, Shomilni chaqirdi-da, unga nimadir deb pichirladi. Shomil Elchin tomon qarab olgach, tez-tez yurib ko‘chaga chiqdi. Elchin bir fitna boshlanganini sezsa ham, joyida tek turaverdi. Hosilboyvachcha kelib ko‘risharmikin, degan maqsadda ostonada picha turdi. Elchin uning maqsadini sezmaganday, bosh irg‘ab bo‘lsa-da, salomlashmadi.
Hosilboyvachcha zaharli iljayib, u tomon yurdi.
— Keling, Hofiz aka, qanday shamol uchirdi? — dedi piching bilan.
Elchin «Sochining shamoli» demoqchi edi, Valyaning «Siz endi Xongireyning himoyasidagi odamsiz», degan gapini eslab:
— Xongireyning shamoli, — deb, u ham zaharli iljaydi.
Valya ham uydan chiqqach, uchovlari shiypon tomon yurdilar.
— Hofiz aka, bir suhbatingizni olaylik, ja sog‘intirib yubordingiz.
Elchin bu zaharli jilmayish, bu soxta mulozamat ortida qandaydir shumlik borligini bilsa-da, o‘zini hech nima bilmaganday erkin tutdi.
— Xo‘sh, Hofiz aka, to‘ylar qalay, bo‘lib turibdimi? — dedi Hosilboyvachcha yastanib o‘tirib. — Cho‘talni endi kimga beryapsiz? Bek akamgami?
— Bek akangiz cho‘tal oladigan gadolar toifasidan emaslar. Shuni bilmasmidingiz? Men ham cho‘tal beradigan ovsar emasman. Og‘zidagi luqmasini oldiradigan laqmalar boshqalar.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:50:12
    Elchin «cho‘tal oladigan gadolar» deganda eng avval Hosilboyvachchani nazarda tutib, o‘z ko‘nglida uni tuzlagan edi. Hosilboyvachcha o‘ziga qarata haqorat toshi otilganini bildi. Bildi-yu, sir boy bermay masxaraomuz kuldi:
— Katta ketmang, Hofiz aka, buzoqning yugurgani somonxonagacha.
Elchin «bir marta tuzlaganim yetadi, to‘ng‘iz bilan olishishdan foyda yo‘q», degan fikrda bu zaharli gapga javob qaytarmadi.
    Ikki soat davomida mayda-bachkana gaplar bilan band bo‘ldilar. Shomil hovliga kirib uzoqdan «yo‘q» ma’nosida bosh chayqagach, Hosilboyvachcha tizzasiga shapatilab urib, o‘rnidan turdi:
— Rahmat, Hofiz aka, bi-ir miriqdik suhbatingizdan. Shunaqa kelib turing... Otamlashish yaxshi narsa-da, a?
Valya xayrlashish uchun qo‘l uzatmay, sovuqqina bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Akangiz buni tuflamay yopishtiribdi, shunga xafa, — dedi Hosilboyvachcha.
— Qaytishga yo‘lkirasi bo‘lmasa beraymi? — dedi Elchin piching bilan.
— O‘pkangizni sal bosibroq yuring, Hofiz aka.
Elchin «bu kunlaringdan o‘lganlaring yaxshi» deb o‘ylab ko‘chaga chiqdi-da, mashinasiga o‘tirdi. Shomilning nima sababdan yo‘q bo‘lganini uyiga qaytgach bildi: uyi yov bosgan dala holiga keltirilgan edi. G‘ilay hech narsadan tap tortmay uyni alg‘ov-dalg‘ov qilib, Zelixonning xazinasini qidirgan edi.
    Elchin shundan so‘ng Valyani boshqa ko‘rmadi. Lekin Hosilboyvachchaning yigitlari kuzatib yurganini sezdi. Shu sababli Farg‘onaga borish, masjid qurish ishini keyinroqqa surdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 12 Noyabr 2007, 12:51:09
XXVI  b o b

1

    Xasta Asadbek uchun Krasnoyar safarining o‘zi yetarli edi. Jismini ezayotgan og‘riqqa chidadi, sabr etdi, lekin ruh azobiga dosh berishi og‘ir kechdi. Otasi bilan g‘oyibona uchrashuvining o‘ziyoq yuragi uchun og‘ir yuk edi. Ana shu yuk bilan uyga qaytaman, deb turganida yangi safar tashvishi ko‘ndalang bo‘ldi. O‘g‘illarini uylantirish masalasi fikrini band etsa-da, uni yaxshi ma’nodagi tashvishlar sirasiga qo‘shish mumkin. Biroq Xongirey bilan uchrashuv... Hosilboyvachchaning Xongirey orqali tazyiq o‘tkazmoqchi bo‘lishi... Asadbek bu yigitning qachondir chang solishini bilardi. Lekin boshqa birovning tirnoqlari bilan chang solishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan edi.  Kesakpolvonga: «Hosil haddidan oshgan kuni bir chertsam, chiqqan joyiga kirib ketadi», deb yanglishganini endi angladi. Hosilboyvachcha bilan olishuv oylari, kunlari yaqinlashganini ham fahmladi. Bu haqiqatni kechroq tushunib yetganini ham bilib «nega g‘aflatda qoldim?» deb ezildi.
    Xongireyning chiqib ketayotib, eshik ostonasida aytgan gapi Asadbekni ham, Chuvrindini ham uzoq o‘yga botirdi. «Bir yigiting endi mening xizmatimni qiladi. Uni qidirma, u sen uchun o‘lgan», degan gap Asadbek uchun muammo bo‘lib qolaverdi. Chuvrindiga esa chigalning bir uchi ko‘rindi. U o‘sha kuniyoq Sochiga, Jamshid yashayotgan uyga qo‘ng‘iroq qildi. Uy bekasi Jamshidni ikki yigit kelib olib ketganini aytdi. Chuvrindi Jamshidni Xongireyning yigitlari olib ketganini tushundi. Lekin unga bir narsa qorong‘i edi: Xongirey Jamshidning iziga qanday tushdi?
    ... Asadbek kutib olgani chiqqan Kesakpolvonga qarab «eski shaharga boraman», dedi. Uning xohishi Kesakpolvonga g‘alati tuyulsa-da, amriga itoat etdi.
    Asadbek bolaligi o‘tgan uyga qadam bosganida o‘pkasi to‘lib, yig‘lagisi keldi. Bo‘g‘zi faryod to‘lqinlariga to‘g‘on bo‘lsa-da, kipriklari yosh daryosini to‘sa olmadi. Chuvrindi uning holatini bilib, Kesakpolvonni to‘xtatdi. Ikki a’yon hovlida qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:12:40
    Asadbekning xayolida onasi uyda o‘tirgandek, «bolam, adangni ko‘rib keldingmi?» deyayotgandek edi. Ichkari uyda Samandar xasta ovozi bilan «Samalo‘t, qanotiyni pastlab o‘t...» deganday bo‘ldi... Asadbek kursiga dahanini tirab, anchagacha o‘tirdi. Ko‘zlaridan yosh quyulaverdi. Bo‘g‘zini hatlab o‘tolmayotgan faryod yuragini ezaverdi.
U qancha o‘tirganini bilmaydi, yosh daryosi qurib, faryod pinakka ketganida Chuvrindini chaqirdi:
— Mahmud!
Yig‘i aralash, titrab chiqqan bu ovozni eshitib, ikkala a’yon ham shoshilib ichkari kirdilar.
— Mahmud, sen mahallaga chiqib, Soli otani top. Elliginchi yilda bir pochtachi bo‘lardi. O‘shani boshlab kelsinlar. Ha, chap qulog‘ini o‘q olib ketgan pochtachi degin.
    Chuvrindi ko‘chaga chiqib ketgach, Kesakpolvon «men uyda qolaveraymi yo chiqaymi?» degan ma’noda qaradi. Xayoli ota-onasi bilan band bo‘lgani uchun Asadbek unga e’tibor ham bermadi. Krasnoyardagi uchrashuvda otasining uydan maktubni orziqib kutganini eshitgandayoq chap qulog‘i yo‘q odam bilan gaplashib qo‘yishni niyat qilgan edi. Asadbek uning ismini bilmasdi. Yodida qolgani — onasi deyarli har kuni uning yo‘lini poylardi. Ko‘chada ko‘rinishi bilan Asadbekni chaqirardi. «Bolam, xatchi amaking kelyaptilar, yugura qol, «adamlardan xat bormi?» deb so‘ragin. Avval salom ber, xo‘pmi?» derdi.
    Asadbek har safar unga peshvoz chiqib «assalomu alaykum» derdi. U esa qovoq uyub qarab qo‘yardi, alik olmasdi. Asadbek onasiga «xatchi amaki salomimga alik olmayapti, endi salom bermayman» deganida, onasi «alik olmasa gunohi o‘ziga, sen salom beraver», deb yalingan edi. Bir kuni xatchi salom bergan Asadbekning qulog‘ini buradi:
— Hoy, dushman bolasi, — dedi o‘dag‘aylab, — sen nega menga Xudoni gapirasan?
Asadbek tushunmadi:
— Qachon gapirdim? — dedi yig‘lamsirab.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:14:02
— «Assalomu alaykum» deysanmi? Bu nima degani, bilasanmi? Xudodan sog‘liq so‘rayman, degani. Men sening xudo-pudoyingga ishonmayman, bildingmi! Men ateistman! Men boevoy kommunistman! Ikkinchi shunaqa desang, tilingni sug‘urib olaman. Xat ham so‘rama. Men dushman xatini tashiydigan ahmoq emasman!
    Asadbek onasiga bularni aytmadi. Onasi yo‘lga chiqarganda itoat etaverdi, ammo xatchiga salom ham bermadi, «adamlardan xat bormi?» deb ham so‘ramadi. O‘sha damlarda u «nima uchun oyimning o‘zlari so‘ramaydilar», deb ko‘p o‘ylardi. Savoliga javobni keyinroq, ulg‘aygach topdi. «Xatchi oyimga sasigan bo‘lsa, so‘rashga cho‘chib qolgan ekanlar-da», degan ajrimga keldi.
Chuvrindi ko‘p o‘tmay Soli ota bilan xatchini boshlab kirdi. Asadbek o‘rnidan turib Soli ota bilan ko‘rishdi. Xatchining uzatilgan qo‘li muallaq qoldi. Asadbek unga o‘tli nazarini qadadi:
— Meni taniysizmi? — dedi qahr bilan.
— Taniyman, Bekjon o‘g‘lim, adangiz bilan frontovoy o‘rtoq edik.
Tilyog‘lamalik bilan aytilgan bu gapdan Asadbek portladi:
— Frontovoy o‘rtoqmiding hali sen?! Adamning xatlarini nima qilarding, xunasa?!
Asadbekning vajohatidan cho‘chigan Soli ota «yana urib qolmasin», degan xavotirda o‘rtaga tushdi.
— Asadjon, bolam o‘zingni tut. Bu bechorani kasal yotgan joyidan turg‘izib olib keldim.
— Bunaqa to‘ng‘izni ajal ham olmaydi, — dedi Asadbek. — Urug‘i bilan quritib yo‘q qilish kerak.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:15:41
Asadbek bu gapni g‘azab olovida aytib yuborgan, xatchidan, uning oilasidan qasos olish yoki jazolash niyati yo‘q edi. Xatchi esa bu gapni qat’iy hukm o‘rnida qabul qilib talvasaga tushdi:
— Menda ayb yo‘q, — dedi u yig‘lamsirab. — Menga buyurishgan.
— Kim?
— Domkom.
— Kim u?
— U odam rahmatli bo‘lib ketgan, — dedi Soli ota.
— Xatlarni nima qilgansan?
— Yoqardik. Bir o‘zim emas, domkom bilan...
— Mahmud, yo‘qot buni, turqi qursin.
Xatchi yukdan bo‘shagan qopday, shalvirab tiz cho‘kdi:
— O‘ldirmang meni, — dedi yig‘lamsirab.
— Yo‘qol-e, — dedi Asadbek bir qadam tislanib.— O‘zi o‘lolmay yuribsanu seni o‘ldirib nima baraka topdim. Yo‘qol, deyapman! Mahmud, uyiga olib borib qo‘y, yo‘lda o‘lib qolmasin. Soli ota, sizni ham olib borib qo‘yadi. Krasnoyarga borib, adamlarning qabrlarini topdim. Keyinroq xotirjam gapirib berarman.
    Ular chiqib ketishgach, Asadbek yana jag‘ini kursiga tirab o‘tirib oldi. Bir ozdan so‘ng qattiq yo‘tal tutib, sillasini quritdi.
    ...Asadbek Kesakpolvonning qistovi bilan uyiga ketdi. Uning niyati tunni bolaligi o‘tgan uyda o‘tkazish edi. Bedardning oldida boshimni og‘ritma, deganlariday, Kesakpolvon do‘stining dardiga sherik bo‘la olmas edi. Garchi umr deb atalmish yo‘lda bir aravada borayotgan bo‘lsalar-da, ularning yuraklaridagi dard boshqa-boshqa edi.
    Manzura eriga bir qarashdayoq ahvolini sezdi. Asadbekning ozib, yuzlari za’faron tus ola boshlaganini uning ziyrak nigohi ilg‘adi. Asadbek mehmonxonada, o‘zi oshxonada bo‘lsa ham erining yo‘talini eshitib yuragi ezildi. Mehmonlarning tezroq qaytishini istadi. Yo‘qlab keluvchilarning jilish niyatlari yo‘qligini fahmlab, Chuvrindini imlab chaqirdi:
— Akangiz charchaganga o‘xshaydilar?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:16:22
Chuvrindi uning maqsadini angladi.
— Hozir imi-jimida bir nima deb qo‘yaman.
Chuvrindining «imi-jimida» gapidan so‘ng mehmonlar qo‘zg‘olishdi. Bir oz fursat o‘tib Kesakpolvon bilan Chuvrindi ham ketishgach, Manzura idish-tovoqni qiziga topshirib, o‘zi mehmonxonaga kirdi.
Divanda yonboshlab yotgan Asadbek o‘rnidan qo‘zg‘olmadi.
— Joyingizni qilib beraymi? — deb so‘radi Manzura.
— O‘tir, — dedi Asadbek. — Nima qarorga kelding?
— Bilmasam... Siz nima desangiz shu.
— Unda tayyorgarligingni ko‘r.
— Qizlari... — Manzura «qanaqa ekan?» deb so‘ramoqchi edi, Asadbek gapirtirmadi.
— Qizlari o‘g‘illaringga yoqibdi. Sovchi bo‘lgan kishi qizlar yevropacha emas, musulmoncha tarbiya ko‘rgan, dedi. Sen avval bor, ko‘r, yoqsa kelin qil, yoqmasa yo‘q. Men o‘g‘illaringni o‘sha yerda o‘qib, o‘sha yerda ishlashini xohlayapman.
— Biz-chi?
— Biz... nima, uch-to‘rt yilga chiday olmaysanmi? Ish o‘rganib, o‘zlarini tutib olishgach, kelishadi.
— Butunlay qolishmaydimi, ishqilib?
— Kallang bormi? Butunlay qoladiganlar boshqa, bolalarimiz boshqa. Xullas, ovoza qilmay, tayyorlanaver.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:17:24
— Zaynab-chi?
— Uni keyinroq yuboramiz.
— Kuyovingiz...
— Nima bo‘ldi yana?
— Hech nima bo‘lmadi, o‘zi aytaman-da...
— Chaynalma.
— To‘ylarda yurib... qizingiz yolg‘iz qolyapti-da. To‘y-po‘yni yig‘ishtirsa bo‘lmasmikin? Boshqa ish topib berasizmikin, devdim.
    Zaynab kasalxonada ekanida Asadbek ham buni o‘ylagan, ammo aniq bir qarorga kelmagan edi. Xotini qo‘rqibgina aytgan gap ma’qul tushgan bo‘lsa-da, sir boy bermay:
— Sen aralashma bunga,— deb qo‘ydi.
Kechasi Asadbekning kuragida yana og‘riq qo‘zg‘oldi. Xotinining xavotirli ko‘ziga qarab: «Shamollash tarqamayapti», deb izoh berdi. Kuragiga isitgich qo‘ygach, joni orom olib, uyquga ketdi. Ertalab uyg‘onganida og‘riq ham bosh ko‘tardi. «Uyda o‘tirsam battar bo‘ladi», deb Chuvrindi kelishi bilan shahar markazidagi qarorgoh tomon yurdi.
    Asadbek kechqurun xayrlashar mahalida Kesakpolvonga Qilich Sulaymonovni topishni tayinlagan edi. Kesakpolvon buyruqni bajarib, uch qavatli imorat yerto‘lasida Asadbekni kutib oldi.
— Turma yoqibdi senga,— dedi Asadbek, Qilich Sulaymonov bilan ko‘rishib.— Odambashara bo‘lib qolibsan.
— Akaxon, aybimga yarashasi bo‘ldi, gap yo‘q,— dedi Qilich Sulaymonov bosh egib.
— Aybingni bilganing yaxshi, do‘zaxdan seni kim olib chiqdi, buni bilasanmi?
Qilich Sulaymonov darrov javob bermadi. Shomil: «Ishingni Hosilboyvachcha to‘g‘riladi», devdi. Necha oy yotgan bo‘lsa, G‘ilay xabar olib turdi. Asadbek buni biladimi yo yo‘qmi, Qilich Sulaymonovga qorong‘i. Bilib so‘rayaptimi yo piching qilyaptimi, buni ham farqlay olmadi. Eng yaxshi javob sukut deb bilib, boshini egganicha turaverdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:18:11
— Mahmud, bunga tushuntirib qo‘y. Xo‘sh, zavodda ishlayapsanmi?
— Ishlayapman, rahmat.
— Amaling direktorlik bo‘lmasa ham ishni o‘zing yuritasan. Olimchadan qo‘rqma. Krasnoyarga tsisternalarda vino yuborish kerak. Bexit qilish qo‘lingdan keladimi?
— Kelishga keladi-yu...
— Chaynalma.
— Olim bolangiz... Ba’zi qog‘ozlarga uning qo‘li kerak.
— Qo‘l qo‘yadi. Shu bugun ishga kirish. Olimchadan rostdan ham qo‘rqayotgan bo‘lsang, u yaqin kunlarda Portugaliyaga ketadi. Mahmud, ishi to‘g‘ri bo‘lyaptimi?
— Ha, bugun o‘zim shug‘ullanaman. Faqat... eshitishimcha, qurug‘ini tortishdan qaytmabdi.
— Qaytmasa ham jo‘nat. Bir-ikki oy yursin. Qilich, birinchi tsisternani uning qo‘li bilan chiqarasan. Ishkal bo‘lsa, g‘alvadan yiroqda turaverasan. Bilib qo‘y: sen mening odamimsan. Men seni olimchaga almashtirganim yo‘q. U ham kerak menga, lekin sen boshqasan. Seni xoinliging uchun jazoladim. Bizning oramizda xoinga faqat bitta jazo berilardi. Seni ayadik. Shunga yarasha qadam bos endi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:19:36
    Qilich Sulaymonov podsho huzuridagi mulozim singari ta’zim qilib chiqdi. Shundan so‘ng Asadbek o‘yga tolib, anchagacha jim o‘tirdi. Ikkala a’yon ham uning muhim gapi borligini anglab, so‘z boshlashini kutishdi. O‘shanda Xongireyning xonaga kirib, amrini bayon etishi, hech bir qarshiliksiz, hatto e’tirozsiz chiqib ketishi Asadbekning ojizligini bildirib turardi. To‘g‘ri, Xongireyga bas kelib bo‘lmaydi. Ammo Asadbek kimning oldida bo‘lsin, ojiz ekanini bildirishni istamas edi. Aytmay desa, bu madda bog‘lagan yara, erta-indin yorilib, yiring oqib, hammayoqni bulg‘aydi. Aytay desa, til qurg‘ur tish hatlashni istamaydi. Sukutni uzoq cho‘zishi mumkin emasligini fahmlagan Asadbek nihoyat tilga kirdi:
— Hosil haddidan oshyapti,— dedi Kesakpolvonga qarab.
— Qilichga ega chiqmoqchimi?
— U endi Qilichni boshiga uradimi. Bu xunasaning ishtahasi boshqacharoq. Kozlovga osilyapti. Xongirey bilan tillashib qolgan, shunga hayronman.
— Voy itvachcha! — dedi Kesakpolvon.— Voy turqingga uray!..
— Voy-voylamay tur,— dedi Asadbek jerkib.— Xo‘p, deylik, biz Kozlov bilan oldi-sotdi qilmadik. Keyin nima bo‘ladi? Shu bilan to‘yadimi?
— To‘ymaydi,— dedi Chuvrindi.— U go‘rda ham to‘ymaydi. Men o‘zimcha bir fikr qildim. Hosilning asl mo‘ljali vinzavod emasmikin?
— Mening fikrim ham shunday,— dedi Asadbek.
— Vinzavod kerak bo‘lsa, Kozlovga osilib nima qiladi? — dedi Kesakpolvon.
— Vey, sen qaering bilan o‘ylaysan, o‘zi! — deb achchiqlandi Asadbek.— Kozlov bilan asosiy ishimiz nimada, vinodami? Qilichga nima uchun yopishdi.
— Chaqir uni. Ochig‘ini aytsin. U-bu desa tinchitib yuboramiz.
— Tinchitish osonmas,— dedi Chuvrindi.
— Osonmas...— dedi Asadbek.— Lekin tinchitish shart! Boshqa yo‘l yo‘q. Faqat... isini chiqarmay tinchitish chorasini topish kerak. Hozircha arqonni uzunroq tashlaylik-chi. Bir-ikki tsisterna yuborganimizdan keyin o‘zi ham g‘imirlab qolar. O‘shanda shartta bo‘g‘amiz. Men uni chaqirmayman, o‘zi kelsin...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:20:49
2

    Osmonni balo bulut qoplagan, tepasidan qayg‘u yomg‘iri tomchilab, hovlisida tashvish alaflari ko‘kara boshlagan odam dardini kimga aytsin? Asadbek keyingi haftalar ichi ana shu holga tushdi. U ba’zan o‘zini qorong‘u jarlik ichida his etar, bu jarlikda abadul-abad qolib ketadiganday vahima bosardi. Biroq u vahima quli bo‘lib qolmadi. Bu jarlikdan chiqishga o‘zida kuch topdi. Dardi oddiy shamollashmasligini bilganida, bir cho‘kay dedi-yu, qaddini rostlab oldi. U tanish tabibga uchrashib haqiqatni aytishini talab qildi.  Asadbekka bunday bedavo xastalik bilan uzoq yashash mumkin emasligi ayon edi. Ayni choqda, o‘limidan so‘ng xonadonida hayot davom etajagini ham yaxshi anglar, o‘zidan so‘ng kechajak bu hayotning munavvar bo‘lmog‘ini istardi. Misqollab yiqqanini botmonlab sovurilishiga yo‘l qo‘ya olmasdi. Haqiqatni bilgach, endigi hisobli kunlarida nima qilishi lozimligini o‘ylay boshladi. Birinchi galda, Manzurani o‘g‘illari yoniga jo‘natishni tezlatishi kerak edi. Xuftondan so‘ng u Chuvrindini chaqirtirdi.
    Chuvrindi darrov yetib keldi. Asadbek mehmonxonada edi. Kuzning salqini ta’sir etib, uy derazalarini ham yopib olgandi. Chuvrindini Manzura qarshilab, past ovozda:
— Mahmudjon, akangizni tuzukroq do‘xturga ko‘rsating. Balg‘am tashlashlari yaxshi bo‘lmayapti-da,— dedi.
Chuvrindi:
— Ko‘rsatyapmiz, Xudo xohlasa, tuzalib ketadilar,— deb mehmonxona sari yurdi.
Ichkari kirib, Asadbekning qarshisiga o‘tirdi. Asadbek unga sinov nazari bilan tikilib qoldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:21:44
— Mahmud, Krasnoyarda mazam qochganida bilganmiding buni?
Chuvrindi javob bermay, ko‘zini olib qochdi.
— Yashirma. Sen bilibsan, boshqalar bilmasin.
— Do‘xturlar gapiraveradi. Kasalxonada yotib davolanish kerak.
— Yo‘q. Kasalxonaga yotsam, dunyoga ovoza bo‘ldi, degan gap. To‘g‘ri aytasan, balki unaqa kasalmasdir, Xudo biladi. Lekin yurakda g‘ulg‘ula bor. Shuning uchun ba’zi omonat gaplarni aytib qo‘yishim kerak senga.
— Yomon nafas qilmang.
— Gaplarimni eshit: sen menga begona emassan, ukamsan. O‘g‘illarim-jiyanlaring. Ularning o‘qishi chala qolmasligi kerak. Kennoyingni tezroq jo‘nat.
— Siz-chi?
— Meni qo‘ya tur. Tillani ko‘paytir. Kennoying belni baquvvat qilib borsin. Agar menga bir gap bo‘lsa, xabar bermaysan, o‘sha yoqda uzoqroq turaversin. Men senga ishonaman, lekin Haydar akangdan xavotirdaman. U xomkalla qovun tushirib qo‘yishi mumkin. O‘zi o‘ziga xon bo‘lsa, yo qamalib ketadi, yo itday o‘lim topadi. U ahmoq sening gapingga kirmaydi, sen uni boshqara olmaysan, bilaman. Ikkalang ikki qo‘chqor bo‘lib suzishsang — tamom!
    Asadbek unga tikilib olib gapirar, Chuvrindi esa boshini egib jimgina tinglardi. Moskvada ekanida, tibbiy xulosalarni yirtib tashlaganida yuragida umid bor edi. Bu yerdagi tabiblarning gaplari ham o‘sha xulosaga mos kelgach, yuragiga vahima oraladi. Uni haqiqatdan xabar topgan Asadbekning holati tashvishga solardi. Asadbekning o‘zini bu qadar dadil tutishini o‘ylamagandi. Ikkinchi katta tashvishi Asadbekdan so‘ng Kesakpolvon bilan bo‘lajak mojarolar edi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:22:53
    Asadbek aytadiganini aytib bo‘lgach, Chuvrindini gapirtirmadi. «Uyingga borib, damingni ol», deb ruxsat berdi.
    Chuvrindi ketishi bilan Manzura kirdi. Asadbek xotiniga yolg‘iz ro‘para kelishdan, uning gap boshlashidan cho‘chidi. Umrida birinchi marta nigohini yashirishga harakat qildi. Erining ko‘z qarashidanoq nima demoqchi bo‘layotganini anglashga o‘rgangan Manzura uning bir dardini yashirishga urinayotganini sezdi. Ro‘parasiga o‘tirib:
— Adasi...— deb gap boshlamoqchi edi, Asadbek o‘rnidan turdi.
— Safarga tayyormisan, erta-indin jo‘naysan,— dedi.
— Siz-chi? — deb so‘radi Manzura hayratlanib.
— Men... menga hukumat ruxsat bermabdi. To‘g‘rilasa bo‘ladi, deyishyapti, orqangdan yetib boraman. Borolmasam, to‘yni o‘tkazib, kelinposhshalarni boshlab kelaverasan. To‘yning o‘g‘il bolasini shu yerda qilamiz.
— Voy, adasi...
— Bo‘ldi, gapni cho‘zma. Men yotaman, charchadim.
Yotishga yotdiyu ko‘ziga uyqu ilinmadi. Yarim soatdan so‘ng telefon jiringlab, boloxonadagi yigit Krasnoyardan Kozlov so‘rayotganini ma’lum qildi.
Kozlov hol-ahvol ham so‘rab o‘tirmay, muddaoga ko‘chdi:
— Asad, menga hech nima yubormay tur, vaziyat o‘zgaradiganga o‘xshaydi.
— Ie, kecha bir tsisterna jo‘natdik-ku?
Bu gapni eshitib, Kozlov sukut qildi, keyin bir qarorga kelib:
— Bir ilojini qilarman, tashvishlanma. Juda bo‘lmasa Irkutskka o‘tkazib yuborarman. Hozircha aloqani uzib turamiz. Ish to‘g‘ri bo‘lishi bilan o‘zim xabar qilaman.
— Xongireymi?
—  Ha.
—  Ehtiyot bo‘l.
Shu so‘z aytilishi bilan telefon uzildi.
    Asadbek uchun bu kutilgan noxush xabar edi. Lekin u Xongirey bu tarzda tez siquvga olar, deb o‘ylamagandi. «Xongirey u tomonda ishga kirishgan bo‘lsa, Hosil nima karomat ko‘rsatar ekan?» Asadbek bu haqda ko‘p o‘yladi. O‘zi bergan savolga tayin javob topa olmagach, a’yonlarini chaqirtirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:24:33
3

    Qilich Sulaymonov qil ustida yashayotganini bilardi. Yolg‘iz Asadbekka xizmat qilayotgan bo‘lsa ham, yoki aksincha, faqat Hosilboyvachchaning yumushlarini bajarsa ham o‘lajagi unga ma’lum edi. Shu bois usta dorvoz holida yashashdan o‘zga chorasi yo‘q edi. U Asadbekning xizmatlarini bajarish barobarinda Hosilboyvachchani bo‘layotgan ishlardan xabardor qilib turardi. Krasnoyarga bir tsisterna vino yuborilgani Hosilboyvachcha uchun xushxabar edi. U xabarning suyunchisiga «zavodni o‘z-o‘zingga olib bermagan — nomard» deb va’da berdi. O‘sha zahoti bu xabar Xongireyga yetkazilib, mo‘ljaldagi rejani amalga oshirishga kirishildi.
    Hosilboyvachcha bunday fursatni uzoq vaqt kutdi. U avvaliga Asadbekka havas qilgan bo‘lsa, bora-bora bu havas hasadga aylandi. Bu hasad yillar bo‘yi bir on bo‘lsin, uni tinch qo‘ymadi. Agar shu yillar ichi undan «yashashdan maqsad nima?» deb so‘ralsa, shubhasizki, «maqsadim yagona — Asadbekni yanchish», derdi. U o‘ylay-o‘ylay g‘oliblikning eng qulay, eng yaqin yo‘lini topa oldi. Zo‘rni zo‘rroq bilan yiqish afzalligiga aqli yetgach, fursatni boy bermadi. Xongireyning qirq yoshga to‘lganini eshitdi-yu, «baxtimdan o‘rgilay», deb otni qamchiladi. Ortiqcha chiqimga toqati bo‘lmasa-da, bu safar xasislik qilmadi. Tilladan chiroyli tumor yasatib, «2049 yil, 100 yosh» deb yozdirdi-da, Moskvaga qarab uchdi. Uch kun davom etgan katta ziyofatga u yaqinlasha olmadi. Tantanalar tugab, Xongirey hordiq chiqargach, uni qabul qildi, Hosilboyvachcha salom berib kirib, uning bo‘yniga tilla tumorni osib, «Siz-bizning valine’matimizsiz», deyishi Xongireyga yoqdi. Kimligini so‘rab-surishtirdi. Xongirey Asadbekni bilardi. Asadbekning bir oz mag‘rurligi unga yoqinqiramasdi. Bu yigitning Asadbek o‘rnidan umidvorligi shu sababli ma’qul keldi. «Menga shunaqa mutelar kerak», deb uni qo‘llashga ahd qildi. Krasnoyarda Kozlovni sindirishi qiyin kechayotgan edi, endi bir hamlada ikki raqibni yengish imkoni tug‘ilib Hosilboyvachchaning tashrifidan mamnun bo‘ldi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:25:30
    Hosilboyvachcha orqasida qad ko‘tarayotgan tog‘dan quvvat olib, qal’ani to‘la zabt etmoq qasdida dadil hujum boshlashga ahd qildi. Ana shu paytda Shomil unga yana bir xushxabar yetkazdi:
— Asadbek o‘ladigan kasal emish,— dedi u irshayib.
— Qayoqdan olding bu gapni? — dedi Hosilboyvachcha ishonqiramay.
— Do‘xtiri aytdi. Asadbekni ko‘rib qo‘yganini eshitib, giribonidan oldim. «Qasam ichganman, aytolmayman», deydi. «Qasam kerakmi senga yo jonmi?» devdim, darrov gulladi. Yo ikki-yo uch oylik umri qolibdi. O‘lishi aniq ekan.
— Ikki-uch oylik dedingmi? Yaxshi! Vinzavodni o‘z qo‘li bilan topshirib ketsa ham bo‘larkan, a?
— O‘lishini kutmaysizmi?
— Yo‘-o‘q. Osongina o‘lib ketmasin-da. Mening kimligimni bilib, keyin o‘laversin. Bir paytlar ko‘kragimdan itarib, yoniga yo‘latmovdi. Mendan ko‘ra Chuvrindi qullarini afzal ko‘ruvdi. Baribir men uni yengdim! Avval mening kulgimni ko‘rsin, keyin o‘lsin!
— Endi unga kassetani ko‘rsatsa bo‘lar?
— Shoshmay tur. Men hali undan battarini ko‘rsataman. Sen lalayganroq yigitlaringdan birini tayyorlab qo‘y.
— Kesatyapsizmi, lalayganini nima qilasiz?
— O‘lib ketsa achinmagin deyman-da, — Hosilboyvachcha shunday deb kulimsirab qo‘ydi. Uning ko‘mma gapini G‘ilayning kalta fahmi anglab yetmadi. Tanlagan yigitini bir haftadan so‘ng qonga belanib yotganini ko‘rgachgina tushundi.
Unga qadar esa...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:26:31
    Unga qadar Hosilboyvachcha Asadbekni yo‘qlab uch qavatli imoratning yerto‘lasidagi qarorgohiga bordi. Manzurani kuzatgach, Asadbek uyga borgisi kelmay to‘g‘ri shu yerga kelgan, xona issiq bo‘lishiga qaramay, qalin kiyimda o‘tirar edi. U Chuvrindi bilan qandaydir qog‘ozlarni ko‘zdan kechirayotganda Hosilboyvachcha kirdi. Chuvrindi qog‘ozlarni yig‘ishtirib «nima qilay?» degan ma’noda Asadbekka qaradi. «O‘tir», degan ishoraga itoat etib, joyidan jilmadi.
— Bek aka, sog‘-salomat borib keldingizmi safarlarga? — dedi Hosilboyvachcha Asadbekni quchoqlab. Dimog‘iga yomon hid urildiyu nafasi qaytib «o‘lishi chin shekilli?» deb o‘yladi.
— O‘zing qalaysan? Ishlaring yurishyaptimi? — dedi Asadbek sovuqroq ohangda.
— Soyangizda yuribmiz-da, aka.
— Mening soyamdami? — dedi Asadbek sinov nazari bilan tikilib.
— Ha-da, sizni akam deganman.
— Shunaqami? Men akangmanmi? Xongirey-chi? Tog‘angmi yo ammangning erimi?
— Gapni ham qiyvorasiz-da, akaxon.
— Sen bo‘ladigan gapni qil. Shu paytgacha Asadbekni birov laqillata olmagan. Sen gijinglamaginu dardingni ayt: nima kerak senga?
— Dangal gapmi? Gapning o‘g‘il bolasi shuki, menga hozircha vinzavod kerak.— Hosilboyvachcha shunday deb g‘olib odamning nazari bilan unga tik qaradi. Asadbek undan bu darajadagi surbetlikni kutmagan edi. Shartta tarsaki tortib yubormoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tiyib so‘radi:
— Hozircha vinzavodmi? Undan keyin-chi?
— Undan keyingisini o‘shandan keyin gaplashamiz.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:27:59
— Agar Xongireyga bachchalik qilmaganingda senga vinzavodni sovg‘a qilib berardim.
— Akaxon, og‘zingizga qarab gapiring. Bizda ham izzat-nafs bor.
— Senda izzat-nafs bor ekanmi? Kelib-kelib o‘sha haromiga orqa qilyapsanmi? Ikki o‘zbek mol talashsayu luqmasini begona olib ketsa, yana sen izzat-nafs haqida gapirasanmi? Bu kundan o‘lganing yaxshi.
— Endi, akaxon, sovuq nafas qilmang, hammamiz issiq jonmiz, kim oldin o‘ladi, Xudo biladi.
Hosilboyvachchaning bu ilmoqli gapini eshitib, Asadbek Chuvrindiga savol nazari bilan qarab oldi.
— Bek aka, jahlingiz chiqmasin, dunyo bozor-da, bir sizning omadingiz keldi, endi gal meniki. Vinzavodni tekinga olmayman. Juda katta narx qo‘yaman. Darrov rozi bo‘lganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz.
— Bu nima deganing?
Hosilboyvachcha kulimsirab pidjagi cho‘ntagidan videokassetani olib uzatdi.
— Bu nima? — dedi Asadbek ajablanib.
— Qo‘yib ko‘ring. Men yarim soatdan so‘ng telefon qilaman,— Hosilboyvachcha shunday deb chiqdi.
— Do‘xtirni top,— dedi Asadbek Chuvrindiga.— Gapini eshitdingmi, is olganga o‘xshaydi.
Chuvrindi lozim raqamni terib, tabibni topdi-da, dabdurustdan:
— Nega qasamni buzdingiz? — dedi. Tabib javobga taraddudlanganidan foydalanib, so‘roqni davom etdi:— Kimga aytdingiz?
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:29:12
Tabib g‘udranib bir g‘ilayning zo‘rlaganini ma’lum qildi.
— G‘ilay Shomil,— dedi Chuvrindi go‘shakni joyiga qo‘yib.— Nima qilamiz?
Asadbek yo‘talib olgach, yoshlangan ko‘zlarini unga qadab jahl bilan dedi:
— U qasamni buzdi!
Chuvrindi chiqib Bo‘tqaga tabibni nima qilish lozimligini aytgach, xonaga qaytib videokassetani qo‘ydi. Hammom... Ikki juvon... Biri birini quchoqlayapti...
— O‘chir! — deb baqirdi Asadbek. Chuvrindi amrni bajarishga ulgurmay, sapchib o‘rnidan turdi-da videomagnitofonni tepdi. Og‘ziga kelganini qaytarmay bo‘ralab so‘ka boshladi. U Hosilboyvachchani so‘kyaptimi, yo Zaynabnimi, Chuvrindi farqlay olmadi.
    Xastaligini ham, vujudidagi og‘riqni ham unutgan Asadbekni g‘azab o‘zini bilmas darajaga keltirgan edi. Uning ko‘ziga hozir hech nima ko‘rinmasdi. Mana shunday hol yuz berishi mumkinligini hisobga olgani uchun ham Hosilboyvachcha videokassetani tashlab, tezgina chiqib ketgan edi.
Chuvrindi hojasining yelkalarini silab, bir oz ovutganday bo‘ldi.
— Anavi qanjiq tanish ko‘rindi, kim u? — dedi Asadbek hansirab:
— Kasalxonadagi hamshiraga o‘xshatdim.
— Top uni, top! Yerning tagidan bo‘lsa ham topasan, o‘ligini bo‘lsa ham top, chotini o‘zim yirib tashlayman!
    Chuvrindi shoshib eshikni ochdi. Bo‘tqa hali topshiriqni bajargani ketmagan edi. Chuvrindi unga kasalxonaga borishni, Zaynabni boqqan hamshirani topishni buyurdi. Bu orada Asadbek o‘tirib, titroq barmoqlari bilan telefon raqamini terdi. Go‘shaqdan Elchinning  uyquli  ovozi  eshitilgach, baqirib so‘radi:
— Zaynab qani?
— Do‘xtirga ketuvdi...
— Ermisan yo hezalakmisan o‘zing?! — Asadbek shunday deb go‘shakni kuch bilan urib, telefonni sindirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:30:17
    Bir ozdan so‘ng eshik qiya ochilib, Bo‘tqaning ixtiyoridagi qiz asta mo‘ralab, Hosilboyvachcha degan odam telefonga chaqirayotganini aytdi. Chuvrindi eshik tomon bir qadam qo‘ygan edi, Asadbek «To‘xta!» deb o‘zi yurdi. Telefon go‘shagini ko‘tarishi hamon:
— Hosil, bilib qo‘y, kindigingdan bo‘g‘zinggacha tilmasam, yurgan ekanman, erkakman deb.
— O‘zingizni bosing akaxon,— dedi Hosilboyvachcha, uyqudan turib esnayotgan odam ovozi bilan.— Siz hoynaxoy kassetani oxirigacha ko‘rmagandirsiz? Tomoshaning zo‘ri bir joyda bo‘lyapti, istasangiz borib ko‘ring. Qizingiz o‘sha yerda ayshini suryapti.— Hosilboyvachcha ko‘chaning nomini aytdi, garang holdagi Asadbek darrov ilg‘ab olmadi. Hosilboyvachcha buni sezgandek, manzilni yana ikki marta takrorlab, gapni bas qildi.
    Asadbek merov odamdek qaqqayib turib qoldi. Keyin fikri bir oz tiniqlashgach, shasht bilan yurib, ichkari kirdi-da, temir javonni ochib, to‘pponchani qo‘lga oldi.
Mahmud masalaning jiddiyligini tushunib:
— Yigitlarni chaqiraymi? — deb so‘radi.
— Yo‘q! — Asadbek shunday deb tez-tez yurganicha ko‘chaga chiqdi. Mashinaga suyanganicha qo‘lini qovushtirib turgan Halimjon uning avzoyini ko‘rib shoshib qoldi.
— Mahmud, rulga o‘tir,— deb buyurdi Asadbek mashinaga yaqinlashgach. Mashina joyidan jilgach, manzilni aytdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:31:21
    Boradigan joylari bu yerdan uzoq emasdi. To‘rt qavatli g‘ishtin imoratning uchinchi qavati. O‘n yettinchi xonadon. Eshik qulflanmagan. Chuvrindi bir itargandayoq ochildi. U ichkari kirmoqchi edi, Asadbek yelkasidan ushlab to‘xtatdi-da, o‘zi oldinga o‘tdi. O‘ng tomondagi eshik o‘rniga parda tutilgan. O‘sha xonadan Zaynabning ovozi keldi. Asadbek pardani yuldi. Qizi bilan yigitning sharmandali holatini ko‘rib, taxtadek qotdi. Yuragi urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. Qo‘l-oyog‘i muzladi. Parda yulinganini sezgan yigit o‘girildi. Asadbekni ko‘rgach, qo‘rquvdan ko‘zlari kosasidan chiqar darajada baqraydi. Uning qo‘rquv aralash qarashi Asadbekni hushiga keltirdi. Titroq barmoqlari cho‘ntagidan to‘pponchani oldi. Tepki bosildi. Zaynab chinqirdi. Yigit oh urishga ham ulgurmadi. To‘pponchadagi barcha o‘qlar uning ko‘kragidan makon topdi.
    Chuvrindi Asadbekni to‘xtata olmadi. Aniqrog‘i to‘xtatishga harakat ham qilmadi. Boshqa chora yo‘qligini u bilardi. Faqat Zaynabga o‘q tegmaganiga ajablandi.
    To‘pponchada o‘q qolmagan bo‘lsa-da, Asadbek uning dastasini mahkam siqib turardi. Chuvrindi barmog‘ini dastadan ayirib, to‘pponchani oldi-da, Zaynab tomon bir qarab olib:
— Pastda kutamiz,— dedi.
Ko‘chaga chiqishganda Asadbek bukchayib qolgan edi. Undagi g‘azab chekinib, vujudiga dam qasos, dam alam hislari hukm o‘tkazardi. Kechagina kimsan, Asadbek (!) edi. Endi-chi... O‘z qizi nomusini himoya qila olmagan bir notavon... O‘z holiga yig‘lagisi keldi. Bu sharmandalik yukini ko‘tarib yurgandan ko‘ra o‘zini otishni ham istadi. Barmoqlari beixtiyor ravishda cho‘ntakni paypaslab to‘pponchani izladi. Mashinaga o‘tirgach, Chuvrindi gap boshladi:
— Kasalxonada ignaga o‘tqazishganga o‘xshaydi. Uyda igna bilan doriga ko‘zim tushdi. Bo‘lmasa bunaqa qilmasdi.
— Yonini olma...
— Yonini olayotganim yo‘q...
— Ovozingni o‘chir... Ketdik...
— Chiqsin...
— Yur, dedim, senga!
— Odamlar ko‘rmasin... olib ketaylik.
Dam o‘tmay zamin qadar og‘ir dardni yelkasiga ortib, dir-dir titrayotgan Zaynab ko‘rindi.

Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:34:52
4

    Onasining safar tadorigi, kuzatish tashvishlari bilan bo‘lib Zaynab dori topib emlash chorasini qila olmadi. Onasini kuzatdi-yu, ortiq chiday olmay, Mardonaga telefon qildi. Mardona qaerga kelish lozimligini aytgach, bu yangilikni darrov Hosilboyvachchaga ma’lum qildi. Bu xabarni intiq kutayotgan Hosilboyvachcha videokassetani olib, Asadbek huzuriga yo‘l oldi.
    Bu harakatlarni Zaynab bilmas edi. U parda yulinib, otasi ko‘ringanda ham, nima bo‘layotganini anglamay karaxt edi. O‘q otilib, beixtiyor chinqirib yuborganidan keyin hushiga kelib, qo‘rquv iskanjasiga tushdi. Qonga belangan to‘shakdan darrov turib keta olmadi. O‘rnidan turgach, nima qilarini bilmadi. Deraza oldiga yaqinlashib, o‘zini pastga otgisi keldi. Mashina sari yurib borayotgan otasini ko‘rib, yuragi ezildi. «O‘zingni otma, otang bunga chiday olmaydi», dedi. «Nega chiday olmaydilar? — deb o‘ziga o‘zi savol berdi.— Bu sharmandalikka-chi? Chidaydilarmi? Nega meni otmadilar? Ayadilarmi? Endi-chi, endi nima bo‘ladi? Onajonim... yaxshi ham ketganlari...»
    Zaynab dovdirab tura-tura kiyinib, pastga tushdi. Mashina eshigini ochishga madori yetmadi. Uyga borishgach, mashinadan birinchi bo‘lib tushdi.
Asadbek hovliga kirgach, Chuvrindiga qaramagan holda buyurdi:
— Otarchidan xabar ol, uyidamikin? Uyida bo‘lsa bil: bugun otari bormi?
Chuvrindi boloxonaga ko‘tarilib, bir nafasda qaytdi. Unga qadar Asadbek joyidan jilmadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:38:25
— Uyda ekan. To‘rt yarimlarda jo‘narkan.
— Soat beshda kel, bo‘lmasa.
— Bek aka, aql o‘rgatyapti, demangu...
— Soat beshda kel, dedim, tushunmadingmi?
Chuvrindi itoatkorona bosh egib, ko‘cha tomon yurdi.
    Soat beshga qadar bo‘lgan vaqt Asadbekning nazarida go‘yo ming yildek cho‘zildi. Keng, yorug‘ mehmonxona tor, qorong‘u zindon kabi tuyuldi. To‘rt devor tobora bostirib kelayotgandek bo‘laverdi. Xotini ketishi bilan huvillagan, endi esa zindonga aylangan uydan qochib chiqib ketgisi keldi. Ezilgan, poralangan notinch yuragi ko‘krak qafasini zarb bilan tepib, sindirib kenglikka chiqishni istadi. Yurak kenglikni sog‘inadi, qani o‘sha kenglik? Yurak halovatni qo‘msaydi, qani o‘sha halovat? Yurak yarasiga malham istaydi, qani o‘sha malham?.. Malham — qasosmi? Ha, g‘alayon qilayotgan yurak qasosni tilaydi. Yigitlarni to‘plab, Hosilboyvachchanikiga borib uni o‘z qo‘llari bilan qiyma-qiyma qilib tashlash Asadbek uchun hech gap emas. Lekin uning sog‘lom aqli yurakning bu injiqliklaridan ustun turadi. Qasos onlarini keyinroqqa suradi. Hozir esa qizini sharmandalik yukidan ozod qilishni o‘ylaydi. Buning yo‘li bir — uni hur qizlar safiga uzatish... Bu mudhish fikr unda videokassetani ko‘rgandayoq uyg‘ongan, sharmandalikka o‘zi guvoh bo‘lgach, qat’iylashgan edi. O‘sha uyda to‘pponcha og‘zini unga qaratishni istamadi. Bu haromxonada qon to‘kishini, jon berishini xohlamadi.
    Tobora bostirib kelayotgan devorlardan qizaloqning shirin kulgisi shirin til bilan «adajon, menga nima opkeldiyiz» degani eshitildi. Bu — kichkina Zaynabning shirin kulgisi, shirin tili... Unut bo‘layozgan ovozni shu devorlar o‘ziga singdirgan edi, hozir yillarni oralab o‘tib, aks-sado beryapti. Asadbek eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib oldi. «Ada, adajon...» Devorlar shunday deb aks-sado beraverdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:40:19
    Soat beshga qadar shunday bo‘laverdi. Soat beshga qadar, Asadbekning nazarida, ming yil bu ovoz tinchlik bermadi. Lekin mudhish fikr shirin xotirotdan ustun edi...
    Asadbek uyga sig‘may, hovliga chiqdi. Hovlini, oshxonani, yerto‘lani kezdi. Nimadir izladi. Oxiri yerto‘ladan bir qulochli arqon topib, bilagiga o‘rab oldi.
    Chuvrindi aytilgan vaqtda kelib, bilakka o‘ralgan arqonni ko‘rdi-yu, muddaoni fahmladi. Arqonni olmoqchi edi, Asadbek siltab tashladi.
    Chuvrindi Zaynabni chaqirdi. Mashinaga o‘tirdilar. Elchinning uyi sari yurdilar. Darvoza qulf edi. Zaynab tushib ochdi.
— Mahmud, ayt unga, poklanib chiqib, kelinlik ko‘ylagini kiysin.
Ostonada nima qilarini bilmay qotib turgan Zaynabga Chuvrindi bu amrni yetkazdi.
Zaynab o‘lik oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab ichkari kirdi. U otasining bilagiga o‘ralgan arqonni ko‘rgan, umri nihoyasiga yetganini sezgan edi.
    ...Atrofga shom qorong‘usi bostirib keladir. Kech kuzning izg‘irinli nafasi sochlarini asta to‘zitadir. Juvonning vujudini esa xufton zulumoti bosadir, yurakkinasi muzlaydir, tanasi sovuqdanmi, yoxud o‘lim sharpasining qo‘rquvidanmi yengil titraydir... Kumushbibi bo‘lmoqni orzu etgan, bokira, ammo inju orzulari loyga qorishgan Tuproqbibi, undan-da battar qavmda so‘nggi nafas sari boradir...
Otasi poklanib olsin, debdi, suv poklay olarmikin uning ruhini?
    Asadbek bir soatga yaqin mashinada o‘tirdi. So‘ng asta tushib hovliga, undan uyga kirdi. Nazarida, oyoqlari chalishdi. Qandaydir kuch ko‘kragidan itardi, orqasiga qaytmoqchi ham bo‘ldi. Boshqa bir kuch esa tislanishga yo‘l bermadi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:43:04
    Zaynab oq libosda, uy o‘rtasida harakatsiz turar edi. Asadbek ostonada bir nafasgina to‘xtadi. Shunda ularning ko‘zlari to‘qnashdi.
— Jon qizim, men seni jazolamoqchi emasman, seni bu dunyoning iflosliklaridan qutqarmoqchiman,— dedi Asadbekning ko‘zlari.
— Jonim adajon, qiynalib ketdim, qutqara qoling... faqat onajonimni sog‘inaman... Onamni bir o‘psam edi...
— Sen hur qizlar bilan birga bo‘lasan...
— Yo‘q, ular mendayin sharmandani qatorlariga olmaslar...
— Hademay izingdan yetib boraman...
Asadbek bir qadam qo‘ydi. Zaynab otasi tomon intilib, u ham bir qadam qo‘ydi. Ota ko‘ngli qizini so‘nggi bor bag‘riga bosmoqni istadi. O‘zini tutdi. Qiz ota oldida tiz cho‘kmoqni istadi — tiz cho‘kdi. Asadbekning ko‘ziga yosh quyilib kela boshladi. Faryod urib yubormaslik uchun bilagidagi arqonni bo‘shatib, Zaynab oldiga tashladi-da, shart burilib chiqib ketdi. Tiz cho‘kkan Zaynab otasining birgina so‘ziga zor bo‘lib, iltijoli nigohini uning izlariga qadab qolaverdi.
Rozi-rizolik so‘ralmadi.
    Asadbek mashinaga indamay o‘tirdi. Ko‘kragini rulga qadab olgan Chuvrindi qaddini ko‘tarib, unga savol nazari bilan qaradi.
— Hayda,— dedi Asadbek hirqiroq ovozda.
Chuvrindi uy tomonga qarab qo‘ydi-yu, buyruqqa itoat etdi. Mashinani sekin yurg‘izdi. Asadbek: «Nima uchun tezlatmayapsan?» deb so‘ramadi.
    «Gunohlarni sen qilding-u, jabrini qizing tortdi, aybdor o‘zing bo‘la turib qizingni jazoladingmi?..»
Orqa o‘rindiqda o‘tirgan kimdir shunday deb baqirganday bo‘ldi. Asadbek cho‘chib, orqasiga qaradi. Hech kim yo‘q... takrorlandi. Endi ovozni tanidi — Jalil. Yanada qattiqroq aytdi gapini. So‘ng yana takrorladi. Har gapirganda yurakdagi muz parchalana bordi. Yurak muzdan xoli bo‘lib, iliy boshlagach, baqirib yubordi:
— To‘xta! Qayt orqaga!
Chuvrindi mashinani qaytarayotganida Asadbek:
— Zaynab, jon qizim! — deb ho‘ngrab yubordi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:45:05
S o‘ n g g i  b o b
yoxud uchinchi kitobning debochasi

Asadbek, Elchin, Hosilboyvachcha.
1989 yil, 29 noyabr
1

    Hosilboyvachcha bu olishuvda mutlaq g‘olib chiqqaniga amin edi. Hatto Xongireyga qo‘ng‘iroq qilib, uni g‘alaba bilan qutlagan, «akaxon, siz bu yerlarning xo‘jayinisiz, biz sizga noibmiz xalos», deb kamtarlik niqobi ostida yaltoqlangan edi. U endi keyingi qadamlari haqida bosh qotirar edi. Asadbek o‘lgach, avval Kesakpolvonni yo‘q qilishni o‘ylardi. Chuvrindi bilan gaplashib ko‘radi, xizmat qilishga ko‘nsa, unga tegmaydi. Ko‘nmasa urug‘i bilan quritib yuboradi. Ana undan keyin mayda-chuyda to‘dalar o‘z xohishlari bilan emaklab kelaverishadi. Egilgisi kelmaganlarning beli sinadi... Hosilboyvachcha yangi yilni rejasi bo‘yicha yagona hokim sifatida qarshilashi kerak. Bu Hosilboyvachcha uchun xom xayol emas, tayyor pishirilgan osh edi. Suzib yesa, bas...
    Biroq... pishgan oshni yeyish hammaga ham nasib etavermaydi. Hosilboyvachcha orzu bulutiga yonboshlab, rohatlanib suzib yurganida Asadbek qo‘ng‘iroq qildi.
— Hosil...— Asadbek shunday deb sukut qildi. Gapini aytishga qiynaldi.
— Gapiring, akaxon,— dedi Hosilboyvachcha mehribonlik bilan.
— Senga tan berdim, gap yo‘q...— Asadbek shunday deb xo‘rsindi.
Hosilboyvachchaning yuzini shodlik yeli silab o‘tdi. Mag‘lubni bir oz kalaka qilish maqsadida:
— Sizga ham qoyilman. Bunaqa tan berish faqat o‘g‘il bolaning qo‘lidan keladi,— dedi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:46:35
Asadbek uning bu lutfini javobsiz qoldirib, muddaoga ko‘chdi:
— Hosil, menga videokassetaning asl nusxasini berasan.
— Gap yo‘q, akaxon.
— Anavi qanjiqni qaerga qochirding, uni ham berasan menga.
— Bunisi endi to‘g‘ri kelmaydi. U qanjiq hali menga ko‘p kerak bo‘ladi. Uning ishini uncha-muncha qanjiq eplolmaydi.
— Baribir topaman uni.
— Bir ukalik maslahatim — uni qidirmang. Men uni sizning o‘nta yigitingizga ham alishmayman. Siz kassetani olingu boshqasini unuting. O‘zingiz kelasizmi, yo odam yuborasizmi?
— Bu ikkalamizning oramizdagi ish. Men borolmayman. Kasalman, bilasan. Eski shahardagi uyimda kutaman. Yolg‘iz o‘zing kel. Birga bir gaplashaman. Vinzavodga tegishli qog‘ozlar bor, beraman. Agar yana boshqa da’volaring bo‘lsa, aytasan, kelishamiz.
— Men o‘ylab ko‘raman, akaxon.
— Mayli, o‘yla. Kallali bolasan. Sen men qilgan xatolarni chetlab o‘tsang, uzoqqa borasan. Bugun soat beshda kel, bir o‘zim kutaman. Qo‘rqma, pistirma qo‘ymayman. Mening o‘yinim hamma vaqt o‘g‘il bolacha bo‘ladi, bilasan-ku?
    Hosilboyvachchaning ko‘ngli qandaydir noxushlikni sezdi, ammo g‘oliblik sururi bu sezgini bo‘g‘di. U Asadbekning taklifini ko‘p mulohaza qilib o‘tirmadi. Jon taslim qilayotgan g‘animning iltijoli ko‘zlarini ko‘rgisi keldi. Ko‘kragiga oyoq qo‘yib, qah-qah otib kulishni istadi.
    Soat to‘rt yarimda videokassetaning yana bir nusxasini olib Shomil bilan birga eski shahar sari yo‘l oldi. Shomilni o‘ttiz-o‘ttiz besh qadam berida, ko‘cha muyulishida qoldirib o‘zi Asadbek hovlisiga kirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:48:06
2

    Asadbek bolaligi o‘tgan hovliga peshinda keldi. U xastalik oqibatidami yo keyingi kunlarda ko‘rgan-kechirganlari ta’siridami, ancha holsizlanib, ruhsizlanib qolgan edi. Mashinadan tushishda bir oz qiynaldi. Chuvrindi chaqqon turib uning qo‘ltig‘iga kirdi. Kecha Chuvrindini yaqin yo‘latmay, qaddini tutib olgan edi. Bugun qarshilik bildirmadi. Ular hovliga kirishgach Chuvrindining topshirig‘i bilan uyga qarab turgan yigit chiqdi. Asadbek issiq tanchaga o‘tirib rohatlandi. Chuvrindi uzatgan piyoladan bir ho‘plam qaynoq choy ichdi.
— Mahmud, men dushmanlarimdan o‘ch olmay turib keta olmayman. Qasossiz ketsam, yotqizib ko‘ma olmaysan, go‘rimda tik turaman.
— O‘sha odamlarni ayting, ezg‘ilab tashlayman.
— O‘z qo‘lim bilan o‘ldirmasam, xumordan chiqmayman. Hozir otarchi keladi. Hosilni ham chaqirganman. Sen nima qilishingni bilib ol.
Asadbek Chuvrindiga rejasini tushuntirdi.
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:49:20
3

    Elchin qaynotasining kutilmagan yo‘qlovidan ajablandi. Odam yubormay, shaxsan o‘zi qo‘ng‘iroq qilganiga, eski shahardagi uyiga chaqirganiga, mashinani katta ko‘chaga qo‘yib kelishni tayinlaganiga hayron bo‘ldi. Hatto bir oz xavotirlandi. Qaynotasining bir shumlikni o‘ylab qo‘yganini sezdi. Unda mulohaza qilish uchun muhlat kam edi. Shu sababli aytilgan vaqtda yo‘lga otlandi.
    Asadbek bu uyga kelganida albatta mashinada poyloqchi o‘tirguvchi edi. Katta yo‘l yoqasiga mashinasini qo‘ygan Elchin asta yurib kelib, poyloqchi yo‘qligidan hayron bo‘ldi. Keyin «Asadbek kelmagandir», degan xayolda hovliga kirdi. Ichkaridagi chiroq yorug‘ida yolg‘iz o‘tirgan Asadbekni ko‘rdi.
    Asadbek kuyovi kirganda o‘rnidan jilmadi. O‘tirgan yerida qo‘l uzatib ko‘rishdi. Elchin o‘tirayotganida yo‘tal tutib, ancha rohatsizlandi. Yo‘tal bosilgach, ko‘z yoshini artib, bir oz sukut saqladi. Keyin Elchinga qattiq tikilib, so‘z boshladi:
— Men hayotimda ko‘p xato qilmaganman. Eng katta xatoim nima, sen bilasanmi?
Qaynotasining dabdurustdan sensirashidan suhbat oqibatida ko‘ngilga xanjar bo‘lib sanchilajagini sezdi. Sezgani uchun ham savolga javob qaytarmadi. «Qani, gapiravering», deganday boshini egib o‘tiraverdi.
— Eng katta xatoim — seni o‘ldirmaganim. Sen qizimning hayotini barbod qilding. Men hotamtoylik qilib yubordim. Sen Shilimshiqni o‘ldirding. Aslida u seni o‘ldirishi kerak edi. Sen xotinni eplaydigan er emas ekansan. Zaynabni sen badnom qilding... Men senga hamma gapni aytmayman. Endi bir o‘g‘il bolalik qilasan, o‘ch olasan!
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:50:16
Elchin bu gapni uncha tushunmadi. Boshini ko‘tarib so‘ramoqchi edi, Asadbek gapirtirmadi:
— Jim bo‘l. Sen bugun aytganimni qilasan. Qolgan gaplarni keyin bilasan. Hozir aytadiganim bitta: erkak bo‘lganingdan keyin erkakcha yasha. Chiroqni o‘chir.— Asadbek shunday deb soatiga qarab oldi. Elchin chiroqni o‘chirgach, o‘rnidan turib borib deraza yoniga o‘tirdi. Uy sovuq emas edi. Elchin uning qo‘lqop kiyib olganidan ajablandi.
— Derazani qiyalab och,— deb buyurdi Asadbek.
— Tashqari salqin-ku?
— Bir tabaqasini qiyalab och. O‘zing panada o‘tir. tur deyishim bilan turasan. Aytgan ishimni tez bajarasan. O‘ylab o‘tirishga fursat bo‘lmaydi.
— Nima qilmoqchisiz, bilishim mumkinmi?
— Men senga qasos olish qanaqa bo‘lishni ko‘rsataman. Hozir o‘lishi kerak bo‘lgan odam sening ham, mening ham nomusimni bulg‘adi.
Asadbek shunday deb qo‘njidan to‘pponcha chiqardi-da:
— Endi menga xalaqit berma,— deb qiya ochiq deraza osha ko‘cha eshikni mo‘ljalga oldi.
Asadbek bolaligida, yangi yil kutadigan kuni shu eshik ochilishini, otasining kirib kelishini, so‘xtasi sovuq ikki kishini urib-urib haydab yuborishini kutgan edi. Bu ikki kishi otasini olib ketganidan keyin ham shu yoqqa ko‘p tikildi. Uning uchun bu eshik hovli bilan ko‘chani bog‘laydigan bir vosita emas, balki umid qopqasi edi. Afsus shuki, o‘sha yillar bu umid eshigi ochilmadi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:51:10
    Hozir ham tikilib o‘tiribdi. Hozirgi umidi bo‘lak — qasos! Hozir ajal bir mal’unni haydab kelib unga ro‘para qiladi.
    Nihoyat eshik ochildi. Hosil ko‘rindi. U hech narsadan tap tortmay, hovliga qadam qo‘ydi. Bir qadam... ikkinchisi... Uchinchisiga ulgurmadi.
Tepki bosildi.
Odam joniga tashna o‘q ko‘krakka qadaldi. So‘ng ikkinchisi... uchinchisi...
Hosilboyvachcha alanglashga ham ulgurmadi.
Mag‘lub odamning iltijoli ko‘zlarini ko‘ra olmadi.
Asadbek to‘pponchani Elchinga tutqazdi:
— Chiq tez, o‘lmadi shekilli, qo‘lim titradi. Tirik bo‘lsa ot.
— Nimaga?
— Chiq deyapman! Zaynabni bulg‘adi bu, eshityapsanmi?! Erkakmisan o‘zing!
Elchin bu gapga ishonqiramay, to‘pponchaga qo‘l cho‘zdi. Asadbek yana baqirgach, hovliga chiqdi. Hosilboyvachchaga yaqinlashdi. Lekin o‘q uzmadi. Tepkini bosishga hojat ham yo‘q edi. Shu zahoti eshik tepki zarbidan ochilib ostonada Shomil ko‘rindi. G‘ilay yerda qonga belanib yotgan xo‘jasini, to‘pponcha ushlab turgan Elchinni ko‘rdi-yu, o‘ylab o‘tirmay unga o‘q uzdi. Elchin qarshilik qilishga ham ulgurmadi.
    Shu nafasning o‘zida paydo bo‘lgan Chuvrindi avval Shomilni otmoqchi bo‘ldi. Lekin Asadbekning topshirig‘ini eslab, G‘ilayning orqa miyasiga to‘pponcha qo‘ndog‘i bilan zarb bilan urdi. G‘ilay Shomil xo‘jasi yoniga behush yiqildi.
    Asadbek uydan bitta-bitta bosib chiqib keldi. U endi bir necha soat ilgarigi holsiz xasta odam emas, qaddini mag‘rur tutuvchi Asadbek edi...
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdurRohman 14 Noyabr 2007, 17:53:09
Nihoyat... shaytanat olami voqealarining bayoni shu yerga kelganida, Yaratganga shukrlar aytgan holda ikkinchi kitobga nuqta qo‘yaman. Mazkur bayonni o‘qigan har bir kimsaga minnatdorlik bildirib, Ollohdan xonadonlaringizga fayzu barakot tilayman. Shaytanat daraxtining soyasi hech birimizning xonadonimizga soya tashlamagay. Omiyn va Robbil olamiyn.

© Tohir Malik
www.ziyouz.com
- 2007
Nom: Re: Shaytanat (Ikkinchi kitob). Tohir Malik
Yuborildi: AbdulAziz 21 Noyabr 2009, 10:51:38
Shaytanat (ikkinchi kitob)

(http://www.ziyouz.com/images/books/shaytanat2.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=21)

Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 730 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=21)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1168.0)