forum.ziyouz.com
Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: Kumushbibi 16 Iyun 2006, 22:10:21
-
Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,
Unda ona yashar, yashaydi Vatan.
Uni jo'n narsa deb o'ylamang hargiz,
Hayhot! Qo'zg'almasin bu Qalb daf'atan!...
Abdulla Oripov
-
Koinot gultoji insondir azal,
Undadir eng oliy, tafakkur amal.
Hatto u tubanlik ichra ham tanho,
Yo falak, ijoding buncha mukammal.
Abdulla Oripov
-
Qancha-qancha sir yashar har kimning bisotida.
Shul sabab ul INSONDIR, shul sabab u ZOT erur..
Abdulla Oripov
-
Olamda ko'p narsa kamyob bir qadar,
Ne-ne tuyg'ular ham kamyobdir, alhol,
Men derdim: sof qalbni uchratgan safar,
Darhol o'rab oling atrofin, darhol.
Abdulla Oripov
-
Inson zoti, sening nedan kaming bor edi?
Senga tangri bergandi-ku tafakkur, imon.
Zamin, havo, - bari senda barqaror edi,
Nechun dildan insof hissin aylading gumdon?
Axir sen it emasding-ku, belanib loyga
Bir-biringni g'ajisang to suyak talashib.
Samimiyat qayda edi, tafakkur qayda.
Lug'atingda gar bu so'zlar yotdi qalashib,
Hasad, ig'vo qaydan kirdi sho'rlik kallangga,
Qaydan seni chulg'ab oldi xudbinlik, kufr.
Abdulla Oripov
-
Qalb shunday ummonki, uning bag'rida
Dahshatli dolg'alar silsilasi bor.
Qalb shunday zaminki, otash qa'rida
Vulqonlar otguvchi zilzilasi bor.
U bir sayyoradir. yerdek shafaqgun,
U bir olamdirki, bilmas nihoya.
Uni mehvaridan chiqarmoq uchun
Atom jangi emas, bir so'z kifoya.
Erkin Vohidov
-
Qalbim- dara
Guvillagan sado kelar bir yondan,
Qalbim-yara
Og'rinadi zardoblaru giryondan.
Qalbim-ozod
Atrofimda panjaralar-bandiman.
Qalbim-faryod
Ovozini yutgan elning dardiman.
Qalbim-qilich
Zanglab yotar Amir Temur qinida.
Qalbim notinch-
Qanotlari qayrilgan qush-inida.
Qalbim ummon
Oqib yotar Shahriyorning she'rlari,
Qalbim o'rmon
Kezar erkning momotaloq sherlari.
Qalbim bu Man-
Shoh hukmila otilgan-otilmagan.
Qalbim Vatan-
Qayta-qayta sotilgan"¦
Sotilmagan!
Jahongir Mamatov
-
Qalbning qizil gulxani
Qalbing qizil gulxani so'ldi,
Kultepada qolmadi bir cho'g',
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...
Endi menga ikki dunyo bir,
Sig'mam na yer, na osmoniga.
Tomga chiqib ketarman endi,
Men ham qizg'aldoqlar yoniga.
Hey, yulduzlar yurtida chaman,
Bulutman deb yurgan tutunlar
Ko'ksim yonib ketmoqda yomon.
Mendan nariroqdan o'tinglar!
Qalbda sevgi gulshani so'ldi,
Qoldi faqat lovullagan cho'g'.
Bu qiz bilan ishim yo'q endi,
Bu qizning men bilan ishi yo'q...
Kel yuragim, bag'rimni o'yib,
Sevgimni suvlarga otamiz.
Maysalarga boshimni qo'yib,
Kapalak yopinib yotamiz.
(Muxammad Yusuf)
-
Men bu so‘zni qanchalar kutdim,
Uni kutib, so‘ldi gullarim.
Shu so‘zni deb o‘zni unutdim,
O‘tib ketdi yoshlik yillarim.
O‘zingmisan? Ishonmayapman,
Jim yashashdan oxir toldingmi?
Sen o‘zingga o‘xshamayapsan,
Yo chindanam sevib qoldingmi?
Nega qarab turibsan osmon,
Boshimdan gul yog‘ib bersan-chi!?
Yuzlarimdan o‘pmaysanmi oy,
Bulutdan baxt sog‘ib bersan-chi!?
Oqaverdi suvdek yillarim,
Hatto o‘ylab ko‘rmabman bir oz.
Shu so‘zni deb o‘tibdi umrim,
Shu so‘zni deb yashabman xolos.
Men bu so‘zni qanchalar kutdim"¦
Behzod Fazliddin