forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 23 Oktyabr 2007, 11:42:40

Nom: Yil fasllari, mavsumlar haqida she'rlar
Yuborildi: shoir 23 Oktyabr 2007, 11:42:40
BAHOR TILAKLARI

Nechun ko‘klam madhi tushmas g‘azaldan,
Shoirlar bahorni kuylar azaldan?

Oshiqlar zangori kenglikka boqib,
Qo‘shiqlar aytadi bag‘rini yoqib.

Tabarruk chollarning chakkasida gul,
Momolar o‘yida bahordir nuqul.

Bir lahza yasharar qarri qo‘rg‘onlar,
Ajib dilbar bo‘lib qolar insonlar.

Ha, bahor misrasi menda ham talay,
Bu holning boisi bordir harqalay.

Azizim, g‘unchaga nazar sol bir on,
Bag‘rida hozircha turfa hol pinhon.

Ranglar yashar unda balki pushti, oq,
Ajab, tikoni ham hozircha yumshoq.

Tong chog‘i shabboda ko‘taradi bosh,
Oh, nechog‘ latifu nechog‘lik yovvosh.

Asli qahratonning nabirasi u,
Nash’u namolari hozircha ezgu.

Inson fe’li qiziq, yashagay hurkib,
Shervachchani silab, sherdan-chi, qo‘rqib.

Bahor norasida go‘dakday shirin,
Qo‘ynida ezgulik armon yashirin.

Nashtar bo‘lmasidan g‘unchaning xori
Shirin tuyuladi uning diydori.

Bo‘ronga aylanmay shabboda - go‘dak
Ozurda dillarni yayratar beshak.

Odam bolasiga doim umid yor,
Shul sabab bahorga tilagi bisyor:

Olamga qabohat zahrin sochmasa,
Mas’um yuraklarda yara ochmasa.

Qoplamasa basdur yeru samoni
Mudhish qirg‘inlarning qora to‘zoni.
1983

Abdulla Oripov
Nom: Re: Yil fasllari, mavsumlar haqida she'rlar
Yuborildi: shoir 26 Oktyabr 2007, 14:58:10
NAVRO’Z

Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
2001

Abdulla Oripov
Nom: Re: Yil fasllari, mavsumlar haqida she'rlar
Yuborildi: shoir 26 Oktyabr 2007, 15:03:59
BEMAHAL QOR YOO’QAN KUNI

Bul chog‘i, bo‘stonga ishtiyoq baland,
Nechundir bemahal yog‘a ketdi qor.
Diktorning bir og‘iz e’loni bilan
Chindan ham qaygadir berkindi bahor.

Bu fursat chamansiz ko‘ngillar yarim,
Bulbulni quvlamang dostonimizdan.
Sizdan nima ketdi, diktor do‘stlarim,
Qorni kurab qo‘ying bo‘stonimizdan.
1987

Abdulla Oripov
Nom: Re: Yil fasllari, mavsumlar haqida she'rlar
Yuborildi: shoir 26 Oktyabr 2007, 15:04:35
* * *

Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol.

Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u
Oniy umri bilan sollanar chechak.
Bahor - eng pokiza shabbodadir bu,
Bahor - eng toza bir shamoldir demak.

Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni,
Ko‘zimga ko‘ringay dilbar diyorim.
Go‘dak nafasidek yupatar yuzni
Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim.

Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,
Mayli o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.
Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,
Umring shamollari muattar bo‘lsin...
1987

Abdulla Oripov
Nom: Re: Yil fasllari, mavsumlar haqida she'rlar
Yuborildi: shoir 26 Oktyabr 2007, 15:04:54
DO’RMONDA KUZ

Bog‘imda mushuklar qoldirgan edim,
Daydib ketibdilar bechoralarim.
Barglarin to‘kmoqda daraxtlar qadim,
U bilan to‘kilar ezgu dardlarim.

Senga salom deyman so‘ng bor, behijon
Endi yerga yotding, soyabonim barg.
Nechun o‘ksik qolding, chinor, jonajon
Bog‘larga nahotki keldi bodi marg.

Arg‘uvon gullardi bu yerda abad,
Bu yerda kuylardi azal bulbullar.
Qushlarim, siz bizni tark etmang minut
Tag‘in ochilingiz bizning ey, gullar.

Sira ko‘z tegmasin qizg‘in ulfatga,
Qishda ham yashnaylik samoviy oydek.
Sizni taklif etar she’riy suhbatga
Mirtemir, Shayxzoda, albatta, Oybek.
1988

Abdulla Oripov
Nom: Re: Yil fasllari, mavsumlar haqida she'rlar
Yuborildi: shoir 26 Oktyabr 2007, 15:05:22
VAFO QILURMISAN, BAHORIM

Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin - nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yam-yashil qirlarni sog‘indim,
Chechakzor yerlarni sog‘indim,
U inja sirlarni sog‘indim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida - andadir.
Qxshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Intiqmiz do‘st bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan - tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
1991

Abdulla Oripov