Sintetik odamlar yoxud ortiqcha semizlik muammosi
Dunyoning 72 foiz aholisi to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekayotgan bir paytda taraqqiy etgan g‘arbiy yarimshar ahli semirishni global muammolar sirasiga kiritmoqda. Agar muammo tez orada hal etilmasa, g‘arb yarim asrdan so‘ng asosiy ishchi kuchidan ayriladi.
Ma'lumotlarga qaraganda, AQSh byudjetidan sog‘liqni saqlash maqsadida ajratiladigan mablag‘ning 22 foizga yaqini aholini ortiqcha vazndan qutqarish uchun jalb etilar ekan. Bu o‘ziga xos kurashda faqat antibiotik preparatlar emas, balki tashviqot-targ‘ibot ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, jamoat joylari, yoshlar markazlari va o‘quv maskanlarida me'yoridan ziyod ovqatlanish umrni qanchaga qisqartirishini tasvirlovchi plakatlar OITS, giyohvandlik va kashandalikka qarshi kurashga chorlovchi yozuvlar bilan yonma-yon ilingan.
Xo‘sh, nega shunday? Ayni paytlarda Kongo va Somali davlatlari aholisining uchdan ikki qismi bir kunda bir mahal issiq ovqat yeyish imkonidan mahrum (Afg‘oniston ham 1982 yildan beri bunday davlatlar safini to‘ldirib kelmoqda). Bu mamlakatlar aholisining risoladagidek tamaddi qilishlari uchun davlat yillik daromadi 25 mlrd. dollarga yaqinlashishi lozim. AQShda esa epidemiya darajasiga ko‘tarilgan semirishga qarshi kurash uchun 30 mlrd.dan ortiq mablag‘ sarf etilgan (http://statistics.gov/statebudjet/content/191.html).