forum.ziyouz.com

Kutubxona => Boshqa kitoblar => Mavzu boshlandi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 10:57:02

Nom: O'zbek dostonchiligi
Yuborildi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 10:57:02
Usmon Azim dostonlari

Karvon ko'rdim
Bahodir va Malika dostoni
Oytuman va Elbek baxshi
Yurt farzandlari haqida
Kenja botir va Malika
Go'ro'g'li va Alpomish
Malika va Oqbotir
Elbek baxshi va yov aytishuvi


Karvon ko'rdim
   Elbek baxshi bir kambag'alning to'yini gurillatib, necha kampir-qizlarning yuragini dirillatib - ovuliga qaytib kelayotgan edi, bir karvonga duch keldi. Karvonning atrofida necha otliqlar chopishib kelishyapti, tuyalarni yetaklagan shotirlar qoqilib kelishyapti. Osmonga mushaklar otilgan, tuyalarga atlas, kimxoblar yopilgan, yosh-yalanglar bo'za ichib bo'kirishgan, bir-biriga do'q urishgan, tuya ustidagi qizlar ularga lab burishgan, karvonboshining peshonasi tirishgan - oldinda kelyapti.
Elbek baxshi: "Ho'v, karvonboshi, yo'l bo'lsin?" - deb so'radi, karvonboshining oldini o'radi.
"Yo'ldan qoch, bachchag'ar, kelin olib ketyapmiz", - dedi karvonboshi.
Elbek baxshining qulog'iga yig'i tovushi urildi. Sezdi - uyi kuygan. Bu - Oytumanning tovushi. Shunda: "Ey, kambag'allik qursin! Orzum ochilmay so'ladigan bo'ldi, o'zim hasratda o'ladigan bo'ldim", deb bir so'z aytib turgan ekan:

Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo’shiq aytsam qayrilma, yor!


Karvon ko’rdim, tuyalari bo’zlab kelar,
Nortuyada meni yorim muzlab kelar.
Menga bergan va’dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko’zlab kelar.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo’shiq aytsam qayrilma, yor!

Karvon yo’li ketgunicha qizg’aldoqzor,
Yig’lamagin, yig’lagandan dunyo bezor.
O’ynab-o’ynab, kulib-kulib ketavergin,
G’amga o’zim xaridorman, o’zim bozor.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo’shiq aytsam qayrilma, yor!

Qorli tog’dan naridadir o’zga diyor,
O’zga yurtda kelin bo’lib qolishing bor.
O’zga yurtda o’z yurtingni eslab turgin,
Menga emas, o’z yurtingga bo’l intizor.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo’shiq aytsam qayrilma, yor!

Bilki, menga olam to’lar, alam to’lar,
Yoki shodlik, gohida g'am nolam bo’lar.
Bu dunyo kimning ko’nglin g’arib etdi,
Alam bilan kuylasam ham olam to’lar.

Peshonangga yozganidan ayrilma yor,
Jonim chiqar, qo’shiq aytsam qayrilma, yor!

Karvon ko’rdim, tuyalari bo’zlab borar,
Nortuyada meni yorim muzlab borar.
Menga bergan va’dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko’zlab borar.

Nom: Re: O'zbek dostonchiligi
Yuborildi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 10:58:11
Bahodir va Malika dostoni
  Bahodir, men sen bilan suhbatdosh bo’lgandim. Dunyolarni dengizday yuragingga cho’ktirib qo’yganding...
Ammo, o’zing Amudaryoga cho’kib ketganding. Ukam, shu she’rni senga bag’ishladim.
  Malika, men seni ko’rganim yo’q. Sen o’z sevgingga g’arq bo‘lding...
Singlim, shu she’rni senga bag‘ishlayman.

O’g’ling bo’lsa, oltin oshiq o’ynagan,
Qizing bo’lsa, o’z husniga to’ymagan.
Xudo bizning nigohimiz qiymagan —
Armonlar aylanib osmon bo’ldilar,
Osmonlar aylanib armon bo’ldilar...
                 Bahodirning she’ridan



Bahodir:

Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Amuning tubiga yetolmayman hech.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Dahshatli bir she’rni o’qib boryapman —
Orol sari oqib ketolmayman hech.

Malika:

Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan —
Umrim bir benajot ranjlarga to’ldi.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan —
Menga dahshatli she’r to’qib boryapsan,
Toshkent ko’chalari mavjlarga to’ldi!

Bahodir:

Bo’g’zimga suv to‘ldi, ko’zlarimga qum,
Cho’kib bormoqdaman yetti kecha-kun.
Bag’rimga yuz bosdi baliqlar — sovuq.
Cho’kib bormoqdaman yetti kecha-kun,
Nahotki, umrimdan ketdi kecha-kun —
Ammo ko’z oldimda ko’zlaring yoniq.

Malika:

Ammo, ko’z oldimda ko’zlaring yoniq,
Ammo, ko’z oldimda ko’zlaring yoniq...
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Seni yamlamoqda bir daryo — ajdar,
Tillari hanjardir, mavjlari hanjar —
Menga Navoiyni o’qib boryapsan.

Bahodir:

Nahotki, tasodif shunchalar azim,
Olib qololmadi meni Xorazm —
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman.
Farzandin tanimas bu telba Amu,
Sening ostonangga yetmasin, yohu! —
Shu o’y xayolida qo’rqib boryapman.

Malika:

Amu toshgani yo’q, sen toshding, jonim,
Bir qalqib sahrodan sen oshding, jonim —
Mana, Toshkent aro yonib boryapsan.
Daryo ostonamning tagiga yetdi,
Es-hushim daryoga tushdiyu ketdi...
Yetti kecha-kunduz oqib boryapsan!..

Bahodir:

To’lqinni men sevdim, sen qo’rqqin, axir,
Qochgin, xatarlidir bu to’lqin, axir...
Axir, kecha-kunduz cho’chib boryapman!
Senga qoldirganim sevgim — to’lg’indir,
Sening topolganing, nahot, to’lqindir?
Sen cho’kma, axir, men cho’kib boryapman...

Malika:

Daryo eshigimga boshin uradi,
Sening xayolingday oqib kiradi —
Sevgiday salqini tavonimdadir.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan —
To’lqinlar sirtmog’i tomog’imdadir.

Bahodir:

Yetti kecha-kunduz oramizda, oh,
Yetti kecha-kunduz oramizda, oh,
Baribir sen menga yetmog’ing gumon...

Malika:

Endi sen to’lqinsan, men ham bir to’lqin,
Endi sen to’lqinsan, men ham bir to’lqin —
Bir kun uchrashamiz Orolda — ayon...

Muallif:

Orol sohiliga tushganda yo’lim,
G’amgin, aftoda bir to’lqinni ko’rdim.
U mendan so’radi: "žDengizda shu payt
Yolg’iz bir to’lqinni ko’rmadingmi, ayt?"œ
"žYo’q"œ dedim, u ketdi yugurib sarson...
Mening ko’zlarimdan yosh oqdi marjon.
Axir, men bilaman, taqdir qattiqqo’l,
Ularning orasi yetti kunlik yo’l...
Axir, bu dunyoning shunisi yomon:
Hatto dengizda ham uchrashmoq gumon...
Nom: Re: O'zbek dostonchiligi
Yuborildi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 10:59:33
Oytuman va Elbek baxshi
 
U payt shoir elma-el, yurtma-yurt yurib, goh dili suyganni, goh dili kuyganni tinglar ekan. Shoir "oh" tortsa, el "oh" tortib, shoir kulsa, el kular ekan. Elbek baxshi ham el kezib yurib, odamlarning dardini sezib yurib, bir ovul ustidan chiqdi. Qaradi, bir ayol qimtinib, xayol surib, toshlarga turtinib soyga, suvga tushdi. Tanidi - Oytuman. Oytumanning ko'zi ham unga tushdi. Gapirmoqqa til qayda? - ikkovi ikki joyda serrayib turibdi. Shunda ularning sel-selbor yig'layotgan ko'zlari shunday gaplashishgan ekan:


Oytuman:

- Yaproqlar so'ladi - baxtsizman,
Olovlar so'nadi - baxtsizman.
Yo'lingga intizor ko'zimni,
Tuproqlar ko'mmadi - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Axir, bir ochilish baxti bor,
Boshoqday yanchilish baxti bor,
Sog'inchdan xazonday to'kilib,
Ko'zyoshday sochilish baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Kun o'tmay, shom keldi - baxtsizman,
Ufqdan qon keldi - baxtsizman,
Nechun bu yuragim qiynalar,
Ot minib, jon keldi - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Shom chog'i yulduzlik baxti bor,
Sog'inchda yolg'izlik baxti bor,
Hasratda qo'shig'im gulladi,
Shu gulga ildizlik baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Dilimda nolam bor - baxtsizman!
Jig'amda lolam bor - baxtsizman,
Qo'sh beshik tebranar yonimda,
Egizak bolam bor - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Yurakni tinglamoq baxti bor,
Qayg'uni ilg'amoq baxti bor.
Kechani sho'r boshga yopinib,
Ko'rinmay yig'lamoq baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Yo'limdan tayrindim - baxtsizman -
Qanotim qayrildi - baxtsizman.
Kechalar boshimga yog'ilsin,
Men sendan ayrildim - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Yig'lama, armonning baxti bor,
Oytuman, hijronning baxti bor.
Ishqsizga omonlik baxt bo'lsa,
Ishq ichra qurbonning baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Armonning gullari sap-sariq,
Sariqqa to'ldi-ya, bu borliq,
Men qancha baxtqaro bo'lsam, ayt,
G'ussadan bo'lasan sen forig'.
Men qancha baxtqaro bo'lay, ayt!

Elbek baxshi:

- Boshingga shol ro'mol tashlaysan,
Bekorga ko'zingni yoshlaysan.
Men qancha baxtiyor bo'lsam, ayt,
Sen meni unutib yashaysan.
Men qancha baxtiyor bo'lay, ayt!

Ular shu alfozda qancha turishganini bilishmadi. Avval Elbek baxshi o'ziga keldi. Qarasa, ko'zlari dardlashib to'ymaydiganday. Shunda o'zini tutib olib, ko'z yoshini yutib olib, Oytumanga gap qotdi:
"E, egachim, bunday qarasam, kelbating ovulmizdagi Davlatbiyning qiziga mengzaydi. Shu yerlarga bir qizi kelin bo'lib tushgan deb eshitaman. Shu sen emasmisan?" -dedi.
Oytuman bir yutinib, ming bir tutilib: "Davlatbiyning shu qizi men bo'laman", dedi. "Borsam elu yurtingga nima deyin?" - dedi Elbek baxshi. "Salom deng", dedi Oytuman. "Yana nima deyin?", deb so'radi elbek baxshi. "Salom deng", dedi Oytuman. "Xush qol bo'lmasa, egachim", deb elbek baxshi otiga qamchi tortdi. "Yaxshi boring, og'am", deb Oytuman soy bo'yida toshday qotdi...
Birodarlar, Elbekning ketishiyu Oytumanning qolishini aytishga kuchim yetmaydi. Mening ham bitta jonim bor-da...
Nom: Re: O'zbek dostonchiligi
Yuborildi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 11:00:31
Yurt farzandlari haqida
 
 Birodarlar, ana endi Elbek baxshi Asqar tog'ining boshida o'tiribdi. Atrofga qarayapti: bir tomon Sayxun, bir tomon Jayxun, bir taraf ko'l, bir taraf cho'l. Ana Samarqandu Buxoro, undan nari Xorazm, shundoq to'g'rida Surxoni azim...
Baxshining dili to'liqib, ichida doston to'kilib kelayapti. Tilida qo'shiqlar tuzilayapti, qo'li do'mbiraga cho'zilayapti... Shu alfozda ko'zlari suzilib, ko'ngli buzilib turgan edi. "Hormang, baxshi bobo", degan tovush qulog'iga urildi. Baxshi burilib qarasa, Oqbotir bilan Qorabotir otlarini yetaklab, daradan chiqib kelishyapti.
"Endi bir qo'shiq aytib berasiz", deb kulib kelishyapti.
"Nimadan aytayin?", -deb so'radi Elbek baxshi ovozi titranib.
"Bo'lar elning farzandi qanday bo'ladi-yu, sho'rlik elning farzandi qanday bo'ladi - shundan ayting", - deyishdi botirlar.
O'zi qo'shiq ham baxshining yuragidan o'rlab, bo'g'ziga yetgan edi - do'mbirasini oldi-da, aytib yubordi:

Har kim o'z elida bekdir, to'radir,
O'z elida bek bo'lmagan o'ladir.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Ko'zin o'yib olishsa ham ko'radir.

Mard dunyoga kelgan tuproq zo'r bo'lar,
Nomard oyoq bosgan zamin sho'r bo'lar.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Ikki ko'zi ochiq turib ko'r bo'lar.

Har kim o'z elida davron suradir,
Mardlar elin to'g'ri yo'lga buradir.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Oyoqlarin kesishsa ham yuradir.

Yomon to'g'ri so'zda mudom xun ko'rar,
Tushlarida el og'zida mum ko'rar.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Yurtin eshakdayin minib kun ko'rar.

Shoirlar she'rlarin yuksak taxt deydi,
Lof urmagin, aytgin mundoq naqd deydi.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Tilin kesib tashlashsa ham "haq" deydi.

Yurak kerak doim haqni demoqqa,
Dilim yondi - isi tegdi dimoqqa.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Og'iz ochar faqat ovqat yemoqqa.

Kuysin dunyo! - mudom o'tga tashlaydi,
Asl erlar o'tda cho'g'day yashnaydi.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
Dushman ming bor o'ldirsa ham yashaydi.

G'arib dunyo tasodifga to'ladir,
Tasodifga g'arib boshlar ko'nadir.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
O'zi bilmay tiriklikda o'ladir.

Kuysin dunyo! - g'amin haddan oshirar,
G'amni sochib, shodligini yashirar.
Bo'lar elning farzandlari, botirlar,
"Yo, xalqim...", deb jallodga jon topshirar.

G'arib dunyo g'ariblikda ko'p xordir,
O'zi boqib - bovlagani ag'yordir.
Sho'rlik elning farzandlari, botirlar,
Elin so'yib yemoqqa ham tayyordir.

Gap kelganda gap qilichday jaranglar,
O'tkir so'zdan achishdimi yaranglar?
Ena elim farzandlari - botirlar,
Tog'dan turib endi yurtga qaranglar...

Elbek baxshi bu so'zlarni aytyapti, botirlar tog'dan turib pastga qarayapti... Kim bilsin - nimani ko'rishyapti? Bu dunyodan hamma istaganini ko'rib o'tadi, degan ekan yaxshilar!
Nom: Re: O'zbek dostonchiligi
Yuborildi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 11:01:51
Kenja Botir va Malika

Kenja botir:

Malikam, tulporim terdan qoraydi,
Ko'hi Qof tarafdan qo'zg'oldi to'fon.
Quyosh qochib ketdi, olam toraydi...
Devlar ortimizdan kelar begumon!

Malika:

Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir,
Sevging - qo'rqinchlarni ayladi bekor.
Mening bir sehrli tarog'im bordir,
Tashlasam, yo'llarni tutgay changalzor.

Kenja botir:

Malikam, changalzor o'tday o'rildi,
Yo'q bo'ldi, kul bo'ldi - bir bog' xas kabi.
Yana ortimizdan devlar ko'rindi -
Oh, bizni ajratmoq ular matlabi!

Malika:

Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir,
Sevging - qo'rqinchlardan ayladi ozod.
Mening qudrati zo'r bir ko'zgum bordir,
Tashlasam, ulkan ko'l bo'ladi bunyod.

Kenja botir:

Malikam, maxluqlar yo'qotdi ko'lni,
Sho'rlik ko'l quridi - buruqsib, bug'lanib.
Devlar kelayapti changitib yo'lni -
G'azabdan ko'karib, tutab, cho'g'lanib.

Malika:

Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir,
Sevging - mening uchun tasalli ziyo.
Mening bir sehrli qayrog'im bordir,
Tashlasam, baland tog' bo'ladi paydo.

Kenja botir:

Malikam, tog'imiz suv bo'lib oqdi,
Eridi, yo'q bo'ldi metin toshlari.
Devlar kelayapti - mash'allar yoqib,
Bulutlarga tegib tog'dek boshlari!

Malika:

Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir!
Sevging - mening uchun behadik dunyo.
Na qayroq, na taroq, na ko'zgum bordir -
Endi mening uchun sen borsan tanho.

Nom: Re: O'zbek dostonchiligi
Yuborildi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 11:03:34
Malika va Oqbotir

Malika:

Ko'nglim senda, sendadir faqat,
Ammo kechgin mendan, botirim.
Or deganda - dushman beshafqat -
Pichoq qayrar qirq ming shotiri.

Oqbotir:

Qirq ming yovning yonidan turib,
Suydim, deding - shu basdir menga.
Bir tig' ursam - o'tadi yulib -
Qirq ming shotir qirq xasdir menga.

Malika:

Ko'nglim senda, sendadir... Garchi
Xavotirim mo'ldir, polvonim.
Zanjir yasar qirq ming temirchi -
Ket, zanjirband bo'lmasdan, jonim.

Oqbotir:

Ko'ngling menda - yovning o'lgani!
Nasib! - umidlari buzilgay...
Bir "oh" ursam sherday to'lg'onib -
Zanjirlari ipday uzilgay.

Malika:

Ko'nglim senda, ko'nglim sendadir,
Ammo mendan kechgin, botirim.
Qirq gazli dor sollanar og'ir, -
Go'yo sevgimizning xotiri...

Oqbotir:

Sen yonimda: qo'qruvlar - tuman,
Tumanlarda quyoshim porlar.
Yov dastida tutgusi suman,
Kunpayakun bo'lg'usi dorlar.

Malika:

Senda, senda, sendadir yurak,
Ammo dilni tark etmas xavos:
Botirim, ayt, qanaqa ko'mak
Yovlaringdan aylaydi xolos?

Oqbotir:

Sehrgardir qodir muhabbat! -
Adovatlar topgusi abas.
So'ramayman sendan marhamat...
Faqat ko'ngling menda bo'lsa bas.

Nom: Re: O'zbek dostonchiligi
Yuborildi: Muhammad Amin 26 Noyabr 2007, 11:10:27
Elbek baxshi va yov aytishuvi
Hech kim yovga bosh egmadi.
"Bu elning shoirini topinglar!, dedi shunda o'ng qo'l vazir. Ot choptirib, bir jang maydonida yarador yotgan Elbek baxshini topib keldilar.
"Bizni maqta!", dedi chap qo'l vazir.
Baxshi eshitmaganga oldi.
"Bizni maqta!" dedi o'ng qo'l vazir.
Baxshi gum-gurs turaverdi.
"Bizni maqta!" dedi podshoi azim.
"Podshoh bo'lsang, o'zingga, - dedi shunda baxshi bir to'lg'onib, - shoir bo'lsa olib kel, gaplashsam shoiring bilan gaplashaman".
Bir shoirni olib keldilar.
Elbek baxshi javob berishga hozirlanib, haligi shoir "bizni maqta!" deb turgan joyi:


- Elbek baxshi, bu dunyoning o'tarin ayt,
Bu dunyoga umr kelib-ketarin ayt,
Manov bizning pahlavonlar ko'krak kerib -
Maydon kirsa, falakni ham yiqarin ayt.

- Men ko'rganman osmonlarning tinig'ini,
Toshlar tegdi, terib oldim sinig'ini.
Beshikdagi go'daklarga tig' sanchdilar,
Shunda bildim mardlaringni qilig'ini.

- Tog'day bo'lib turgan odam - navkarboshi,
O'lchab ko'rgin - Yer-osmonni bosar toshi.
Elbek baxshi, maqtayvergin, kam bo'lmaysan,
Mardning shunday bo'ladimi ko'zu qoshi?

- Nodon shoir, bug'doy deysan tariqniyam,
Ko'rgin axir, bu saroydan nariniyam,
Navkarboshing ortdan kelib pichoq sanchar,
To'g'ri kelsa yengolmaydi ariniyam.

- Elbek baxshi, tilagingni tiyib so'yla,
Yetti emas, yuz o'lchab, bir qiyib so'yla.
Manov turgan xazinachi - nomdor odam,
Mol-dunyoning qulfi shunda - suyib so'yla.

- Baxshi deding - baxshi ruhi osmondadir,
Ko'lmakka jo bo'lganim shu zamondadir,
Nomdor odam ko'zlarini olib qochdi,
Uning asli hovli-joyi zindondadir.

- Elbek baxshi, unga meas, menga gapir,
Sabil bo'lib qolmagandir joning, axir.
Maqtovini keltiraver, ahmoq bo'lma,
Chap qo'l vazir yomon emas - bola faqir.

- Sen nimani bilasan ham gapdan boshqa,
Chap qo'l vazir yo'lni bilmas chapdan boshqa.
Saroydagi ayollarning bari bir-bir -
Sel bo'lishib suykalishar shul qum-toshga.

- Elbek baxshi, boshing ketar bilmaysan-a,
Bu dunyoni nazaringga ilmaysan-a,
Ana turgan o'ng qo'l vazir - dono odam,
Xizmatlarin suyib emas, jo'shib sana.

- Bir cho'g edim, yov qoshida ketdim yonib,
O'ch olarim bor ekan-ku, qonib-qonib.
Bu donishmand podshohingning tegrasida
Aylanadi, yeng ichiga pichoq solib.

- Elbek baxshi, bo'lma buncha "shirinzabon",
Tillaringdan aylanayin, holing yomon.
To'rda turgan podshohimiz - hech bo'lmasa,
Shuni maqta, qolarsan-ku eson-omon.

- Meni qo'ygin, menga taqdir toshdir azal,
Ammo dunyo to'g'ri so'zga ochdir azal.
Shohing kimdir? Qo'rqoq, xoin, xiyonatkor,
Buzuqlarning davrasiga boshdir azal.

- Mard ekansan, ammo fe'ling azob tug'ar,
Podshohimiz har bir so'zni dilga tugar.
G'azablanib lashkariga "kesgin" desa,
Elbek baxshi, eling tugar, yurting tugar.

- Haq gap uchun har bir ishga ko'nadi el,
To'g'ri so'zdan ko'payadi, to'ladi el.
Dordan qo'rqib, yolg'on aytib turganim yo'q,
Shoirlari yolg'on aytsa, o'ladi el.


Ana endi, yovning shoiri oh urib, peshonasiga mushtladi. Men ham shunday aytishuvlarning oshig'iman-da, mana necha yildirki, surishtiraman, bu aytishuv nima bilan tugadi? Elbek baxhsining holi ne kechdi?
Anig'ini bilay deb, g'anim shoir elatining daragini so'rab, surishtirdim, tarixni kavlashtirdim, ammo hech natija chiqmadi. Aytishuvdan yigirma, o'ttiz yil o'tgach, bu xalq osmonga chiqqanmi, yerga kirganmi, ishqilib izsiz g'oyib bo'lgan. Shunda sho'rlik shoirning oh urgani ma'nosiga yetganday bo'ldim...