forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Mavzu boshlandi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:11:06

Nom: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:11:06
Buxoro. Ismoil Somoniy maqbarasi
     
Maqbara IX-X asrlarga oid. Bu yerga dafn qilingan Ismoil Somoniy Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. U 848 yil Buxoro shahrida tug'ilgan. 874 yilda Buxoro hokimiga noib, 888 yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo'lgan. Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to'plagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qo'shgan. Bag'dod xalifalaridan ibrat olib, o'ziga ulkan maqbara qurdirgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:11:34
Surxondaryo. Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi
     

 X-XIV asrlar. Bu me'moriy obida Eski Termiz qal'asining shimoliy-g'arbida barpo etilgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy qator diniy-falsafiy asarlar muallifi, din arbobi, yirik mutasavvif va mashhur olimdir. Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi xonaqoh hujralaridan biri bo'lib, alloma shu yerda faoliyat yuritgan: muridlari, shogirdlari va boshqa darvishlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Shu xonaqohda dafn etilgan. Qabr ustiga Amir Temur o'g'li Shohruh Mirzo zamonida katta qabrtosh o'rnatilgan. Qabrtosh Temuriylar davridagi toshtaroshlik, o'ymakorlik va bezakchilik san'atidan dalolatdir. Hakim at-Termiziy 880 yil Termizda vafot etgan. Hayoti davomida to'rt yuzdan ortiq asar yozgan. Shulardan o'ndan ziyodrog'i bizning zamonamizgacha yetib kelgan. Hadis ilmiga bag'ishlangan "Jome' al-usul" nomli qo'lyozma asari O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:12:04
Surxondaryo. Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi
     
X-XIV asrlar. Bu me'moriy obida Eski Termiz qal'asining shimoliy-g'arbida barpo etilgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy qator diniy-falsafiy asarlar muallifi, din arbobi, yirik mutasavvif va mashhur olimdir. Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi xonaqoh hujralaridan biri bo'lib, alloma shu yerda faoliyat yuritgan: muridlari, shogirdlari va boshqa darvishlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Shu xonaqohda dafn etilgan. Qabr ustiga Amir Temur o'g'li Shohruh Mirzo zamonida katta qabrtosh o'rnatilgan. Qabrtosh Temuriylar davridagi toshtaroshlik, o'ymakorlik va bezakchilik san'atidan dalolatdir. Hakim at-Termiziy 880 yil Termizda vafot etgan. Hayoti davomida to'rt yuzdan ortiq asar yozgan. Shulardan o'ndan ziyodrog'i bizning zamonamizgacha yetib kelgan. Hadis ilmiga bag'ishlangan "Jome' al-usul" nomli qo'lyozma asari O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:12:59
Surxondaryo. Sulton Saodat majmuasi
     
XI asr. Sulton Saodat sayyidlar sulolasining maqbarasidir. Bu me'moriy majmua oilaviy maqbaralar va marosim xonalaridan iborat bo'lib, asrlar davomida tashkil topgan yaxlit inshootdir. Birinchi maqbarada IX asrning ikkinchi yarmida vafot etgan Hasan al-Amir ismli sayyidning xoki yotibdi. U shu atrofdagi yerlarning egasi, Payg'ambarimiz avlodlaridan hisoblanadi. Sulton Saodat mo'g'ullar istilosi paytida vayron qilingan edi. Termizning sharqiy tomoniga joylashgan bu ziyoratgoh yangidan bunyod etilgan. Qariyb yetti asr (X - XVII) davomida shakllangan bu me'moriy majmua jami yigirmaga yaqin qabrni o'z ichiga oladi.

Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:13:27
 Surxondaryo. Abu Iso at-Termiziy maqbarasi
     
 Hozirgi Sherobod tumani hududida joylashgan ushbu maqbara XI- XII asrlar me'moriy yodgorliklaridan hisoblanadi. At-Termiziy hijriy 209 yilda (mil. 824-825 y.) tavallud topgan. Hofiz az-Zahabiy "Miyzon al-e'tidol "kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganini zikr qilib, "Vafot etgan vaqtlarida 70 yoshda edilar", deydi. Ismu nasablari - Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug'iy at-Termiziy. Alloma to'plagan hadislar ishonchliligi va mo''tabarligi jihatidan "Sihohi sitta" (oltita eng sahih hadislar to'plami)ning biri sanaladi. Yoshliklarida ko'p yillar davomida Iroq, Hijoz kabi arab o'lkalarida hadis o'rganib, ularni jamlagan. 250 hijriy yilda Termizga qaytganlar. Shu yili Nishopurda Imom al-Buxoriy bilan uchrashib ko'p hadislar xususida mubohasalar olib borganlar. Bu buyuk vatandoshimizdan "Al-Jome' as-Sahih" ("Sunani Termiziy"), "Ash-Shamoil" ("Shamoili Muhammadiya"), "Al-Hol", "At-Tarix", "Az-Zuhd", "Al-Asmou val-kunya" ("Ismlar va kunyalar") kabi asarlar bizgacha yetib kelgan.

Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:13:49
Navoiy. Mirsaid Bahrom maqbarasi
     

 Maqbara XI asrda hozirgi Karmana shahri hududida bino etilgan. Uning sohibi mashhur savdogar, islomiy ilmlar bilimdoni Mirsaid Bahrom bo'lib, Karmanadan o'tgan Buyuk ipak yo'li orqali Afg'on, Eron, Arab davlatlariga borib, savdo-sotiq bilan shug'ullangan. Orttirgan mol-dunyosidan ko'plab xayr-ehsonlar qilib, katta obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan. U fiqh, tarix ilmlarini puxta bilgan. Umrining oxirlarida tasavvuf yo'liga o'tib, sohibi karomat darajasiga yetgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:14:17
Samarqand. Shohizinda maqbaralar majmuasi
   
  XI - XIX asrlar. Samarqandning Afrosiyob tepaligi janubida barpo qilingan bu majmuaga yigirmadan ziyod maqbara, masjid, xonaqoh va chillaxonalar kiradi. Ularning ichida eng qadimiysi - Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchalari Qusam ibn Abbosning maqbarasi. Inshootlarning aksari XIV - XV asrlarga mansub. Majmua tarkibida sohibqiron Amir Temurning singlisi Shirinbeka oqa, opasi Turkan oqa va xotini Tuman oqalarning maqbaralari ham mavjud.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:14:43
Surxondaryo. Jarqo'rg'on minorasi
     
XII asr boshi. Hozirgi Jarqo'rg'on tumanining Alisher Navoiy nomidagi jamoa xo'jaligida joylashgan. O'rta Osiyoning shu turdagi minoralari orasida o'zining jimjimador o'n olti tutamlik yarim ustuni bilan ajralib turadi. Bu ustunlar qavariq, (qovurg'a) shaklida bo'lib, yuzasi yotiq kesimda ko'p yaproqli gulga o'xshaydi. Quyiga tusha borgan sari qavariqlar go'yo yig'ilib ketganday tuyuladi. Yuqori qismida esa ular ravoqchalar zanjiri va enli epigrafik hoshiya bilan jipslashgan. Minora asosi baland sakkiz qirrali kursiga o'rnatilgan. Har bir qirraning markazida xushbichim ravoqli tahmonlar bor. Ana shu tahmonlardan bittasi janubiy-g'arbiy qirrada minora ichki aylana zinasiga olib chiqadi.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:15:06
Buxoro. Minorai Kalon
     
 XII asr. 1127 yil Qoraxoniylar davlati amiri Arslonxon tomonidan qurilgan bo'lib, pishiq g'ishtdan naqshdor shakllar uslubida ishlangan. Balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla shaklidagi yuqori qismi g'isht o'ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan. O'qsimon tirgak o'rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi Baqo bitilgan. Minora ichida g'ishtin aylanma zinapoya bo'lib, mezanaga olib chiqadi. Minora azon chaqirish uchun masjid va madrasalar yonida yoki ularga tutash qilib qurilgan. Minorai Kalon mezanasining qubbasi va devorlari muazzin ovozini yanada kuchaytirib berishga xizmat qilgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:15:29
Buxoro. Mag'oki Attori masjidi
     
XII - XVI asr. Bu masjid XII asrda otashparast-majusiylar ibodatxonasi o'rnida bino qilingan. Ibodatxona atrofga nisbatan bir muncha pastroqqa joylashgan. Forscha "Mag'oki" (chuqurlik) nomi ham shundan olingan. Vaqt o'tishi bilan masjid ko'milib ketgan. Masjidning sharqiy peshtoqidagi yozuvlarga ko'ra, 1547 yilda Abdulaziz ibn Abdulloh masjidni buzdirib, o'rniga yangi masjid qurdirmoqchi bo'ladi. Ammo naqshbandiya tariqatining o'sha davrdagi peshvosi va xonning murshidi Maxdumi A'zam bunga yo'l qo'ymaydi. Ushbu masjid minbarida Abduxoliq G'ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi pirlar xutba o'qiganlari ham ta'kidlangan. Murshidning so'zlariga itoat qilgan Abdulazizxon masjidning g'arbiy tomoniga chambarchas qilib yangi masjid qurdirgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:15:48
Buxoro. Vobkent minorasi
     
 XII asr oxiri. Minora 1197-1198 yillarda bino qilingan. Buxoro sadri Burxoniddin Abdulaziz II ning nomi bitilganidan minorani u qurdirganligi bilinadi. Minoraning tepa qismiga devoniy xatida "Minora 595 hijriy yilda qurib bitkazildi", deb yozilgan. "Kimki masjid qursa, o'ziga jannatdan makon qurgan bo'ladi ", degan hadis ham bitilgan. O'sha davrda minoraga yondosh bir masjid va bir Madrasai sadriya mavjud bo'lib, u Movarounnahrdagi eng yirik bilim maskani bo'lgan. Minoraning balandligi 38,7 metrdir
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:16:10
 Buxoro. Namozgoh masjidi
     
 XII, XIV, XVI asrlar. Bu masjid Buxoroning janubida 1119 yili qurilgan bo'lib, ikkita ulug' hayit kunlari shahar tashqarisiga chiqib, ulkan izdihom bilan namoz o'qishga mo'ljallangan. XV asrda Amir Temur buyrug'i bilan butun mehrob atrofidagi devor va bitiklar ta'mirlangan. XVI asrda Abdullaxon ibn Iskandar (1551-1598 y.) tarafidan ham jiddiy ta'mir ishlari amalga oshirilgan. Masjidning minbaridan zamonning mashhur ulamolari xutbalar o'qishgan. Naqshbandiya tariqatining peshvolari Xoja Muhammad Porso, Maxdumi A'zam, Xoja Islom Jo'yboriy kabi allomalar mav'iza qilishgani tarixdan ma'lum. Namozgoh masjidi o'z davrida ko'pgina mojarolarda sulh tuzish maydoni vazifasini ham bajargan.

Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:16:31
Samarqand. Xoja Abdu Darun maqbarasi
   
  XII asr, XV asrning birinchi yarmi. Samarqand qal'a devorining sharqiy tomonida (darun - ichkari) joylashgan qadimgi ziyoratgoh. Markazida eng yirik bino - xonaqoh (XV asr) ko'zga tashlanadi. Uning peshtoqi, gumbazi va devorining bezaklari Ulug'bek davri me'morligi mahsuli ekanidan darak beradi. Xonaqohning ichida IX asrda yashagan avliyo, alloma Abdu Ma'ziddinning qabri bor. Xoja Abdu Darun padari buzrukvorlarining nomi Xoja Abduqodir as-Said (Xoja Abdu Berun) bo'lib, Samarqandda hokimlik qilgan. Xoja Abdu Darunni Xojai Kunj, deb ham ataganlar. Xoja 247 hijriy yilning zulqa'da oyida (mil.861 yil may oyi) vafot etgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:17:00
Toshkent. Shayx Zayniddin buva maqbarasi
     

 XIII, XIX asrning birinchi yarmi. Shayx Zayniddin me'moriy maqbarasi mil. 1214 yilda tug'ilgan Shayx Zayniddin Ko'yi Orifon nomiga qurilgan. Otalari asli bag'dodlik, so'fiylarning yo'lboshchisi, "shayxlarshng shayxi" va tariqat asoschisi hisoblangan. Bu maqbara Amir Temur davrida bino qilingan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:17:19
Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Oqsaroy
     
XIVasr. 1378-1379 yillarda Amir Temur Xorazmdagi barcha usta va hunarmandlarni Keshga keltirib, shaharda ulkan obodonlashtirshi ishlarini olib borgan va o'z davri uchun tengi bo'lmagan Oqsaroyni qurdirgan. Oqsaroy poydevoriga qo'yilgan dastlabki g'ishtlar oltin qumdan tayyorlangan. Saroy bezaklari orasiga Alloh taologa hamdu sanolar va Amir Temurga maqtov so'zlari bitilgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:17:41
Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Hazrati Imom maqbarasi
   
  XIV asr. 1384 yilda Amir Temur avliyo Muhammad Shayboniyning xokini keltirib Dorussiyodatga, o'g'li Jahongir qabri oldiga dafn ettirgan. Amir Temur ko'rsatmasi bilan xorazmlik ustalar baland bino barpo etganlar. Muhammad Shayboniy musulmon olamida "Hazrati Imomi Bag'dodiy "nomi bilan mashhur bo'lgan. Majmuaga Amir Temur o'zi uchun katta xilxona qurdirgan. Majmuaning ulkan ark va devorlari, o'n olti qirrali asosga qurilgan gumbazlari qimmatbaho tosh va shishalardan ishlangan naqshinkor bezaklar bilan bezatilgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:18:16
 Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Gumbazi Sayyidon maqbarasi
     
 XV asr. 1437-1438 yillarda bunyod etilgan Gumbazi Sayyidon maqbarasi o'ziga xos maqbaralar majmuasini tashkil etadi. Gumbazlariga naqshinkor bezaklar tushirilgan. Undagi yozuvlarga asoslanib Mirzo Ulug'bek avlodlariga oid, degan taxminlar qilinadi. XV - XVII asrlarda maqbara ichiga Termiz sayyidlari ismlari ko'rsatilgan bir necha qabrtoshlar olib kirilgan. Bu keyinchalik maqbaraning Gumbazi Sayyidon, deb atalishiga olib kelgan. Binoning asosi katta bir xonaqoh, gumbaz hamda unga ulanib ketgan mayda xonalardan iborat.

      Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi
   
  XIVasr. Shayx Shamsiddin Kulol (yoki Kulol Faxuriy) Amir Temur va uning otasi Amir Tarag'ayning ustozi, o'z davrida ulkan hurmat va e'tiborga ega bo'lgan ulamolardan. Mil. 1370 yilda Shayx dafn etilgan joyga Amir Temur maqbara qurdirgan. 1373 yilda olamdan o'tgan Amir Tarag'ay ham o'zining vasiyatiga binoan ustozi Shamsiddin Kulol qabrining oyoq tomoniga dafn etildi. Maqbara to'g'ri to'rtburchak shaklda qurilgan bo'lib, kirish qismiga ulkan gumbaz ishlangan, dastlabki qo'yilgan ikkita katta ustun va asosiy poydevor bugungi kungacha saqlangan, devor va gumbazlar Amir Temur davriga xos o'ymakor g'ishtdan bezak va jilva bilan bezatilgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:18:38
 Xiva. Juma masjidi
     
XVIII, XIX asrlar. X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohi Al-Maqdisiyning yozishicha, Juma masjidi X - XI asrlarda bunyod etilgan. Masjidning dastlabki binosi asrlar davomida nurab yo'q bo'lib ketgan va o'rniga 1788 yilda xuddi avvalgi uslubda yangi masjid qurishgan. Ichan qal'aning qoq markazida qad rostlagan bu tarixiy obidaning o'ziga xos tomoni shundaki, uni o'yma naqshi ustunlar ko'rgazmasi, desa bo'ladi. Chunki bu yerda jami 212 ta ustun bo'lgan. Hozirda ulardan 25 tasi saqlanib qolgan. Juma masjidi necha zamonlar kishilarga ilm-ma'rifat tarqatish o'chogi vazifasini o'tagan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:18:58
 Xiva. Shayx Muxtor Valiy maqbarasi
   
  XIII asr oxiri - XIV asr. Hozirgi Xorazm viloyatining Yangiariq tumanidagi Shayx Muxtor Valiy maqbarasi XIV asrda qurilgan tarixiy yodgorlik bo'lib, ilmiy qazilmalar natijalaridan hamda me'moriy shakllarining tahlilidan 1287 yilda Shayx Muxtor Valiy vafotidan keyin bir yoki ikki gumbazli daxma qurilgani, keyinchalik hujrali xonaqoh bunyod etilgani ma'lum bo'ldi. Shayxning yaqin kishilari uchun ham maqbaralar qurilgan. Katta xonaqohning burchaklaridan hujralarga kiriladi. Gumbaz ostidagi bu chor qirra sahnni to'rt darcha yoritib turadi. Kichik xonaqohning ham burchaklarida hujralar bo'lib, ularning biri ziyoratxonadir. Maqbara har xil hajmli g'ishtlardan qurilgan. Yog'och o'ymakorligi bilan nafis bezatilgan to'rt eshik saqlangan. Bularning birida uni ishlagan ustasining nomi - "Usto Zayniddin ibn Odina Muhammad ", deb yozib qo'yilgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:19:19
Qoraqalpog'ston. Ellikqal'a tumani. Norinjonbobo maqbarasi
     
 XIV asrga mansub me'moriy majmua. Norinjonboboning tug'ilgan yili ma'lum emas. O'zi XIII- XIV asrlar orasida yashab o'tgan. Hijriy 712 (mil. 1312) yili vafot etgan. Shaxsi haqida aniq ma'lumotlar saqlanmagan. Qabri ustiga o'rnatilgan toshga "Bu oqil, obid, Alloh yo'lida doimiy ro'zador, Alloh karomatini yerda paydo etuvchi mashhur Muhammad ibn Muso ibn Dovud Abu Abdulloh an-Norinjoniyning qabridur. Allohning unga va uning do'stlariga rahmati bo'lsin. 712 yil ", deb yozilgan. Bu bitiklar Norinjonboboning sohibi karomat, aziz avliyolardan ekaniga shohidlik beradi.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:19:36
 Qashqadaryo viloyati. Xo'ja Jarroh yodgorlik majmuasi
     
Majmua XIV asrga oid bo'lib, hozirgi Qarshi shahrining Xudoyzod mahallasida joylashgan. Rivoyatlarga ko'ra, Sohibqiron Amir Temur XIV asr oxirlarida Shom va Iordaniya yerlarini zabt etgan paytda ulug' sahobalardan biri Abu Ubayda Omir ibn Abdumoh ibn al-Jarroh qabri xokidan keltirib, Qarshi shahrida dafn ettirgan va u yerga maqbara qurdirgan. Al-Jarroh birinchi bo'lib "amirlarning amiri ", degan laqab olgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:19:55
Toshkent. Shayx Xovandi Taxur maqbarasi
     
 XIV - XV asrlar. Shayx Xovandi Taxur ilohiyot va tariqat ilmining yirik namoyandasi. Tasavvufga oid bir qancha asarlar muallifi va shoir. Yassaviya tariqatining izdoshi. Bu maqbara Toshkent shahrida Xoja Ahror Valiy tomonidan XV asr boshlarida bunyod etilgan. Qabr oldiga o'g'illari va ayollari dafn etilgan. Hozirgi mavjud yodgorlik XV asrda bunyod etilgan ko'hna maqbara poydevori ustiga XVIII - XIX asrlarda qurilgan ikki xonali bo'yama maqbaradan iborat.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:20:19
Toshkent viloyati. Zangi ota yodgorlik majmuasi
     
XIV asr oxiri - XV asr boshi. Tug'ilgan yillari noma'lum. O'rta osiyolik avliyo yoki "podachilar piri ". Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, Zangi ota Toshkent shahrida tug'ilgan va yashagan. Zangi otaning asli ismlari Oyxo'ja ibn Toshxo'ja bo'lgan. Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonbob Eshonning avlodi (evarasi) hisoblanadi. O'ta qora tanli bo'lganligi uchun zangi (zanji), deyishgan. Tasavvuf ilmining targ'ibotchisi, Zangi ota turk-Islom olamidagi ulug mutafakkir va mutasavvif donishmandlardan biri bo'lib, uning nomi faqat Movarounnahrda emas, balki Xuroson xalqlari orasida ham ma'lum va mashhurdir.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:20:39
Buxoro. Chashmai Ayyub maqbarasi
     
XIV - XVI asrlar. Chashmai Ayyub maqbarasi qadimiy va mashhur mozor o'rnida Ayyub payg'ambarning ramziy qabri ustiga bunyod etilgan. Buxoroning o'ziga xos obidalaridan biri. Taxmin qilinishicha, qadimiy qismining tarixi XII asrga borib taqaladi. Maqbara xilxonalari devorlariga o'yilgan yozuvlarga ko'ra, Amir Temur davrida (mil. 1378-1379 y.) saltanatning Buxorodagi vakili Amir Xujjoj tomonidan qurdirilgan. Rivoyat qilinishicha, Ayyub alayhissalom bu suvsiz joydan o'taturib hassasi bilan yerga urgan va chashma hosil bo'lgan.

Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:21:00
Buxoro. Bo'yonqulixon maqbarasi
     
 XIV asrning ikkinchi yarmi. Bo'yonqulixon Surg'atu o'g'li Chig'atoy o'g'li (1346-1358 y.). Chig'atoylarning davlat ishlarini aslida uning nomidan amir Qazag'on boshqargan. Bo'yonqulixon Chig'atoy xonlaridan birinchilar qatorida Islomni qabul qilgan xondir. Bo'yonqulixon maqbarasi XIV asr o'rtasida Buxorodagi Shayxul olam Sayfiddin Boharziy qabri yaqinida qurilgan. Maqbara binosi mayda naqsh va sirkor koshinlar bilan bezalgan ziyoratxona va kichik xilxonadan iborat.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:21:19
 Samarqand. Bibixonim masjidi
     
XIV - XV asrlar. Amir Temur 1399-1404 yillari qurdirgan. Zilzilalar ta'sirida masjidning ko'p qismi yemirilib, faqat shimoliy-g'arbiy minoraning pastki qismi saqlanib qolgan. Amir Temurning katta xotini Bibixonim Chig'atoy ulusi xoni - Qozonxonning qizidir. U barcha malikalardan ulug' hisoblanib, "Katta xonim" yoki "Bibixonim", degan unvonga loyiq bo'lgan. Bibixonim zamonasining yuksak idrokli, tadbirli, maslahatgo'y, yetuk aql-zakovatli ayollaridan edi. Ilm-ma'rifatga alohida e'tibor berib, tolibi ilmlarga homiylik qilgan, shaxsiy mablag'i hisobidan ulkan madrasa qurdirgan.

      Samarqand. Go'ri Amir maqbarasi
      XV asr. Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning fojiali o'limidan so'ng 1403 yili ushbu maqbarani qurishga farmon bergan. Temuriylar sulolasiga mansub kishilar - avvalo Sohibqironning o'zi, uning piri Said Baraka, o'g'illari Umarshayx, Mironshoh va Shohruh, nabiralari Muhammad Sulton, Ulug'bek va boshqalar dafn etilganlar. Maqbara 1991-1996 yillari katta ta'mir qilindi.

Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:21:38
Buxoro. Ulug'bek madrasasi
     
XV asr. Amir Temurning nevarasi, Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug'bek tomonidan 1417 yili qurib bitkazilgan. Uning peshtoqida Amir Temur davrida Erondan keltirilgan ustaning avlodi Ismoil ibn Tohir ibn Isfahoniy al-Bannoiyning nomi saqlanib qolgan. Madrasa Abdullaxon II davrida Xo'ja Sa'd Jo'yboriy tomonidan (1586 yilda) butunlay qayta tiklangan. U o'rta asrlarda yirik madaniyat va ma'rifat maskani vazifasini o'tagan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:21:57
Samarqand. Xoja Ahror Valiy (1404-1490) majmuasi
     
 XV asrga mansub me'moriy yodgorliklardan biri. U madrasa, masjid va minora hamda hovuzdan iborat. Madrasa 1630-1631 yillarda Nodir Devonbegi mablag'i hisobiga qurilgan. Xoja Ahror Valiy o'z zamonlarida butun Movarounnahr va Xurosonda mashhur shaxs bo'lgan. Juda katta yer-suv, mol-mulkka ega bo'lib, butun umri, kuch-g'ayrati va bor mol-mulkini yurt tinchligi, obodligi yo'lida sarflagan. Natijada mamlakatning ichki va tashqi siyosiy hayotida yetakchi o'rin tutgan. Xoja Ahror Valiyni oddiy fuqaro ham, akobir ham o'zlariga birday pushtipanoh deb bilar edi. Xalqparvar, din va siyosat arbobi Xoja Ahror Valiy 1404 yili qadim Shoshning (Toshkent) Bog'iston qishlog'ida tug'ilib, 1490 yili Samarqandda vafot qilgan. Tasavvufga oid bir qancha asarlar yozgan. Uning "Risolayi volidiya " asari xalq ichida mashhur bo'lgan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:22:16
Xiva. Said Alouddin maqbarasi
     
XIV - XVIII asrlar. Bu maqbara XIV asrda so'fiy Amir Kulol tomonidan ustozi Shayx Alouddin qabri ustiga qurdirilgan. Zamonlar o'tib, maqbara atrofida turli qabrlar ko'payishi tufayli u ko'milib ketgan. Ilmiy qazilmalar natijasida mazkur yodgorlikning dastlabki ko'rinishiga doir ma'lumotlar aniqlandi. Maqbara ziyoratxona va daxmadan iborat. Daxma va sag'analar o'ymakor naqshlar bilan bezatilgan. Ularning birida Said Alouddinning vafoti sanasi 1303 yil 18 mart, deb yozilgan. Maqbarani 1825 yili me'mor Hibbiqulixo'ja o'g'li Hamidxo'ja ta'mirlagan.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:22:34
Xorazm viloyati. Yusuf Hamadoniy maqbarasi
     
Imom Yusuf Hamadoniy XII asrda yashagan, go'zal axloqi, yuksak maqomati va karomati bilan mashhur bo'lgan ulug' mutasavvif. Bag'dod, Isfahon va Samarqand kabi ko'hna shaharlarning ilmiy majlislarida ishtirok etgan. Yusuf Hamadoniy "xojagon"lar tariqatining asoschilaridan biri hisoblanadi. Tariqat ilmining yorqin namoyandalari Abduxoliq G'ijduvoniy va Ahmad Yassaviylarga ustozlik qilgan. Tasavvufga oid asarlar muallifi.
Nom: Re: O"ZBEKISTON ISLOM OBIDALARI.
Yuborildi: Muhammad Amin 12 Mart 2008, 18:23:08
Samarqand. Ulug'bek madrasasi
     
XV asr. Samarqanddagi Registon majmuasining muhim qismini tashkil etadigan Ulug'bek madrasasi 1417-1420 yillari nihoyatda mahobatli qilib qurilgan. Samarqand ko'rki bo'lmish Registon maydoni Mirzo Ulug'bek davrida vujudga kelgan. Ulug'bekning podshohlik davrida Movarounnahrda, ayniqsa, Samarqandda iqtisod va tijorat, fan va madaniyat, me'morlik yuksaldi. U ko'pgina ilmiy asarlar va she'rlar yozgan, kuy bastalagan. Ulug'bek fan tarixidagi eng yirik ilmiy maktab - falakiyot maktabi asoschilaridan biridir.