forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 13 Mart 2008, 10:23:47

Nom: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:23:47
Mahmud Yo’ldoshev

Katta tasbeh

Ogoh  bo‘l hamisha, bu jahondir bor-yo‘q,
hech narsa yo‘q unda, kemtigi zinhor yo‘q.
Yo‘q desalar, bor, deb uni qil isbot,
Bor desalar, ayla dadil inkor: "œYo‘q!"   
Najmiddin Kubro

So‘z

Uzoq o‘tmishdan bir gap ochsang, muzday,
Lojuvard osmonning tagi qop-qora.
Dunyo suvdan chiqqan bokira qizday,
U — hayot, hayotga intilar hamma.

Shu hayot lazzati bizga joziba,
Lazzat deb hammani qon qilar amir.
Hayot lazzati deb aslin olganda,
Kurashga chiqadi har neki kabir.

Bu sirlar hammaga ayon bo‘lsa ham,
Jahon savdosidan gap ochar shayton.
Inkorni boshlabon Iso Masihdan,
"œAnal-haq" deydi-da yutadi iymon.
Siz va men dunyoga kelishim uchun,
Kattalar mehridan kerak bir tugun,
Ular bergan ruhdan borman men bugun.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:24:03
TAVBA

Fikrlar o‘zgarib, fikr kengaydi,
Olam olam bo‘lib chiqdi ilk quyosh.
Bokira olamda inson ulg‘aydi,
Ilk gunoh dastidan to‘kildi ko‘z yosh.

Sovuq koinotda junjikdi Zardo‘sht,
Olovga intildi ilk bor yukinib.
Uni inkor qilib chiqishdi: "œhoy, kisht",
Sanamga sig‘indi butxona qurib.

Aslida qonida manmanligi bor,
Shaytondan dars olib yashaydi odam.
Jannat da’vo qilib izlaydi xabar,
Mangu qolavergay bu o‘chmas olam.

Cherkov eshigida yig‘ladi Nazrul,
Islom ekanini bilmadi machit.
Hammamiz aslida nafsimizga qul,
Ochko‘z nafs qoldirmas bironta chiqit.

Hayot izlasangiz, hayot bu — aniq,
Dunyodan boshqasi bari xomxayol.
Dunyo, bu — bizlarga berilgan mantiq,
Dunyo, bu —  benikoh berilgan ayol.

............................................................
............................................................
Dunyo deb yashashning  o‘zi xomxayol.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:24:34
TASBEHLAR

MAKON


Hamdu sanolarni berib Ollohga,
Tavba-tazarruda yukinaylik jim.
Toki oyog‘imiz tushmayin chohga,
O‘zimiz bo‘laylik "œMen"ga munajjim.

Nafsimiz bizlarni qilmayin nobud,
O‘zlikning ustidan quchaylik zafar.
Oxirgi manzilga eltmayin tobut,
Qalbimiz bog‘iga qilaylik safar.

Illo, quyosh chiqib botaveradi,
Hech kimni qoldirmas ajalning dori.
Agar bo‘lganida abadlik suvi,
Joytalash bo‘lardi zaminning qa’ri.
Har kuni hayotda bo‘ladigan hol,
Amalga o‘tganda inson la’nati,
Oliy hakamga ham kelardi malol,
Odamsiz qolardi Olloh jannati.

Makkadan telefon qilmoqda, mana,
Nola devorida yangicha shitob.
Uch yuz odam halok bo‘ldi Minoda,
Buni qayd qiladi qaysi bir kitob.

Yashil mavjudotning umrini ko‘rgan
Odamzod dunyoda ko‘rmasin zavol.
Quyosh chiqib tursin olamga har kun,
Koinot burjida barq ursin hilol.

Bu dunyo sathida lazzat turi ko‘p,
Chiday olar faqat iymoni mahkam.
Iymon bo‘shligidan dunyo tala-to‘p,
O‘zingsan, o‘zingsan  eng oliy hakam.

............................................................
............................................................
Asli o‘zi shunday, dunyo tor ekan.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:24:49
RUH

Borliq zulmatining nuri singgari
Koinot sathida sayr etib yurding.
Sen nazar tashlading, inson ingradi,
"œBu ne", deya bilmay quloqlari ding.

Ilk bora nutflarni biriktirgan zot,
Mahliyo bir boqdi jussa, bu jonga.
Sening noming bilan yaratdi hayot,
Omuxta ayladi seni shu qonga.

Ayni shu holatni anglamoq bo‘lsak,
Qon va jon birligi uchlikdir abad.
Shundan talash chiqar, bittasi qolsa,
Tashlab ketadi u insonni "œhayt", deb.

"œQonda jon bor faqat", talashdim birda,
Ruhsiz achib ketdi bundayin bu qon.
Ruh qo‘shib qorilgan bu qizil qonda,
Nimadir kam edi, yo‘qligidan jon.

Qon — hayot, dunyoni anglagan uchun.
Bunga ig‘vo solib ko‘tarmam g‘avg‘o.
O‘z ruhin izlagan insondir butun,
Hayvonlar insonmas — ruhdan mosuvo.

Osmonu falakni kezib yurgaysan,
Tinim yo‘q sen uchun, izlaganing jon.
Aslida qon uzra vatan qurgaysan,
Sen uchun makondir — oddiy qizil qon.

Muallaq koinot — ruhga boshpana,
Men oddiy insonman, qonimda shukuh.
Seni anglab yetish — noma’lum sana,
Topdim, deb tortishar hamon har guruh.

........................................................
........................................................
Mening menligimdir, bu bezovta ruh.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:25:11
ZAMON

Vaqt — hakam, deydilar, bilmadik, evoh,
Hakam, bu — dildagi armonlar toshi.
Toshlarning vaznini belgilar gunoh,
O‘zlikda har kimning o‘zi sirdoshi.

Armonlar vaznini belgilar orzu,
Orzuga ayb yo‘q, deb jar solar tarix.
Bugun kun ertadan olingan qarz-ku,
Qarzdorning doimo rangi sap-sariq.

Kunlarning o‘tganin kuzatib g‘amgin,
Ohimiz yurakka yutamiz notinch.
Hoyna-hoy, ertaga uyg‘onib tongdan,
Kelajak, seni deb tuyamiz sog‘inch.

Vaqt o‘tib bormoqda shijoat bilan,
Gunohlar vaznidan yuraklarda g‘am.
har qalay,  umidvor yashar tirik jon,
Baribir, oxirat — sen o‘zing hakam!

Bir "œuh"cha umrimiz belgilab berding,
Safarning oxiri o‘zingga aniq.
Men kelib dunyoda toshlarim terdim,
Ushlagan toshlarim barchasi siniq.

Tinmayin hayot deb yugurdim, yeldim,
Nahot, bu daryoga qayta kirmoq bor.
Donolar deydiki, "œEh, bevaqt keldim",
Faqat buddaviylar kelarmish takror.

Ibtidodan so‘z ochib, o‘y sursam agar,
Mening shu ketishim intiho ekan.
Umrimiz bolalar aylaydi takror,
Buncha ham shoshqaloq bu inson degan.

............................................................
............................................................
Insonga eng ko‘pi, vaqt yetmas ekan.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:25:27
GUNOH

Har qalay, olamning kengligi aniq,
Karamning kengligi solar ishtiboh.
Axir, dahriylarning najoti siniq,
Gumonning yo‘qligi — o‘zi bir gunoh.

Bir parcha yerni ham ep ko‘rmasa-ya,
Bichilgan axtalar o‘tadi sabiy.
Har bir podshoh agar yerdagi soya,
Ayt, kimga siqinar qasamxo‘r harbiy?

Vatan tuprog‘ini o‘pmagan — kofir,
Mening ka’balarim buzgan — g‘ayri din.
Insonga yer yuzi Vatandir axir,
Tovuq so‘ymoqqa ham kerakmi bir din?!

Yer yuzin ko‘rganda ilk bora go‘dak,
Dod solib yiqlashi o‘zi bir gunoh.
To‘xtagin, dod solma, begunoh tentak,
Onang ishtibohdan chekayapti oh.

Har kim rohib emas, yelkada rido,
Olloh deb yukinmoq savobdir har dam.
Butun umrim doim yeganim ribo,
Nahot, Olloh menga eng yaqin mahram.

Olloh nomi bilan yesang bir luqma,
Savobga to‘lasan aylasa panoh.
Belgilab qo‘yilgan har bitta nuqta,
Otang qazo qilsa yiqlamoq gunoh.

Varaqlab kitoblar satrida ko‘rdim,
Uch nutfu nedandir yaralgan odam.
Oshiq ma’shuqasin lablarin so‘rdi,
Qarang-a, tug‘ilmoq — gunoh bunda ham.

............................................................
............................................................
Mensiz-ku aslida dunyo biri kam.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:25:41
QATRON

Zaminda ilk maysa ko‘kargan zamon,
Ollohdan inoyat oldi u tanga.
O‘zni inkor qilib o‘sdi o‘shal on,
Mahkumlik balosi siqmadi ongga.

Uzum haqidagi eski rivoyat,
Yo, angur shaklida buzmoqda ongni.
Odamlar Ollohdan kutmay inoyat,
Jilovlab olmoqchi ushbu zamonni.

Yuvsang-ku,  ketadi tandagi har doq,
O‘zing bilmaganing — atalgay makruh.
Dilingga o‘q uzsa bir bodomqaboq,
Endi tozalikdan gap ochmasin ruh.

Aybini tan olsa yo‘ldan ozdirgan,
Jannati bo‘larmi yo‘ldan ozgani.
Balkim haq chiqadi "œAnal haq", degan,
O‘zdan kechib,  u jon dedi o‘zgani.

Har qalay, tozalik o‘zi bor narsa,
Tozaroq chiqqan-ku ikkinchi kitob.
Avom balki haqdir — Mashrabni so‘ksa,
Lek fatvo berilgan: "œAylagin shitob!".

Kislorod, vodorod — birikma aniq,
Suv harom bo‘lmaydi toza shaklida.
Birgina gunohning davosi qattiq,
Eriy olmasa u vijdon taftida.

Ko‘plarda o‘zi yo‘q istiqfor, tavba,
Dardlarning ichida nodonlik yomon.
Birgina gunohga kuyinmoq shuncha,
Fikrlar doqini qilaylik qatron.

............................................................
............................................................
Zamon o‘zi shunday, bir kamdir hamon.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:26:01
NAMOZ

Insonlik burchini ado etganga,
Namoz — bu dildagi yukinch, tavallo.
Hindlarga atalgan toza suv, Ganga,
Zardo‘shtning dilidan chiqqan ilk nido.

Odam shaklidagi odamni ko‘rib,
Bolamga ilk bora uqdirsam so‘zim,
Dunyoda bor, deya ilohiy bir kub,
O‘zimga uqdirsam, o‘zimga-o‘zim.

Shunday so‘z bo‘lsa-ki, qotilni yiqsa,
Eng mushfiq banda ham demasa-ki, oz.
Toki u yurakdan otilib chiqsa,
Ushbu tavalloni atardim namoz.

Biz qilgan nolalar o‘tgaydir, balki,
Arabcha bir sura bilmasakda ham.
Balki, jannatidir tub arab xalqi,
Kutishga majburmiz, vallohi olam.

Menga ayon emas kimning ko‘pligi,
Bo‘yniga xoch osgan har bir nasroniy,
Nahot unga ayon yahudiy tili,
Demak, o‘zingdadir, o‘zing eng oliy.

Men quvonch ruhida qo‘shiq kuyladim,
Olamni madh etdim, yondi jaholat.
Razil yo‘lin to‘sdim: "œTo‘xta, qo‘y!", dedim,
Namoz — bu yerdagi tengsiz adolat.

Har bir adashgan dil aylasa nido,
Ushbu nidosidan yorishsa ko‘zi,
Din emas, dilida yakkadir Xudo,
Namoz — shu qalbdagi qalbning qalb so‘zi.

............................................................
............................................................
Aslida yaralgan bir kamdir o‘zi.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:26:21
SAFAR

Shoir qalbi doim kezar bezovta,
Unga tafakkurning chegarasi kam.
Birov dovga chiqar, kim birov ovga,
Har kun safariga chiqadi oy ham.

Ilk safar onadan tuqilmoq o‘zi,
Umr daftarida asosiy chiziq.
Ikkinchi safar-ku insonning so‘zi,
Shundan boshlanadi qissayi qiziq.

Kimningdir umrida eng uzoq safar
Ona ko‘kragidan asli uzilmoq.
Mening o‘z safarim — ilk ijod, daftar,
Vujudim, borligim, o‘zimni topmoq.

Balki yoshlik qildim, zamonning zayli,
Buroq safariga ishonmadim ham.
Oyga safar bo‘ldi, otam ko‘nmadi,
"œDahriylar so‘ziga bo‘lma, dedi, teng".

Qaragin, bolajon, dunyo mukammal,
Undan o‘z o‘rningni topmoqing qiyin.
Kimgadir safar bu "œSafar dar vatan",
Boshqa kim birovning safari — o‘yin.

Ne bir safarlar bor — maqsadi mungli,
Qaysi bir safarning tiynati — g‘urur.
O‘zingning dardingni aytolgan kuning,
O‘zingsan dunyoda o‘zingdan mag‘rur.

Nodonlik o‘chog‘in qoq yorib chiqib,
Har bir dil o‘zini izlasa agar,
Shunda u zamonni ketar tark etib,
Dunyoda eng sara mana shu safar.

——————————————————————
——————————————————————
Har inson dunyoni bir kam deb o‘tar.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:26:39
RO‘ZA

To‘kin dasturxondan nafsimni tiydim,
Irodam kuchiga aytdim bir kalom.
Bu mening birinchi g‘alabam, bildim,
Zafarim yor bo‘lsin butkul, vassalom.

Bir parcha non bilan to‘yadi qorin,
Bunisi bizga kam, izlaymiz yana.
Ishtaha toshadi — tilaymiz norin,
Qasrlar quramiz, atab  boshpana.

Asabim zap tarang, chidashim qiyin,
Mushugimni birov "œpisht" depti? bilsang.
"œEe, kim o‘sha isqirt, aytgin, ne o‘yin",
G‘alabam — g‘azabdan to‘xtaya bilsam.

Horunning boyligin tarix biladi,
Bugun ro‘zqorga-ku kerak qo‘sh moshin.
Ammo, ro‘za uchun sahar turadi,
Ro‘zador biladi me’yorning toshin.

Har millat ruhiga mosdir qadriyat,
Ranggin kamalakning har kim bittasi.
Ro‘za tut, fikr qil, iroda ishlat,
Balki, ro‘zadorlar — ellar kattasi.

Afsunu afsona bari bitta so‘z,
Bir shart bor me’yoriy atalmoq kerak.
Faqat irodaga tayangan havas
Qadrini topadi o‘rnida mutlaq.

Sahar turib, tunda to‘yib yesang-da,
Ro‘za, deb iroda kuchin aytadi.
Umrbod ro‘zador bo‘lib o‘tsang-da,
Insonning hayoti bir kam o‘tadi.

............................................................
............................................................
Bu ma’lum, hamma ham bir kam ketadi.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:27:28
K L O N

Qarang, Dolli bugun tele yulduzi,
Klon yangilik, deb lof urdi jahon.
Nahot? eskiripti Ollohning so‘zi,
Bizlar-ku — Xudoyim yaratgan klon.

Hadislar lof, dedi arab Al Maari,
Buroqqa ishonmay yashadik qancha.
Otamga lof edi oyning safari,
Men yangi dunyoda siniq bir parcha.

Aravaning yoshin bilmaydi hech kim,
G‘ildirakka kimdir oladi patent.
Nahotki, Iroqda moshinmoy tekin,
Bushlarning firibi yangi emittent.
Aravaning kloni mashina edi,
Yuz yilgina o‘tdi — yangi zakovat,
Bugun moshinlar ham eskirdi, dedi,
Kechagina tilga kirgan yosh go‘dak.

Bilmadim, internet har uyda bo‘lsa,
Chiroqlar o‘chirmay qo‘yilarmi yo?
Nahot, eskiradi muhabbat, bo‘sa,
Nahot, hammasiga faqat diydiyo?

Dunyo o‘zgaripti,  desa ishondim,
Suqrotning so‘ziga ne deyin unda?
Otamni ranjitgan o‘sha yoshligim,
"œKimdan u SMS qoq yarim tunda"?

Kimgadir o‘tmishi, kimga kelajak,
Doimo qoladi go‘yo  xom xayol.
Eng go‘zal sovqadir asli boychechak,
Dunyo bizga benikoh berilgan ayol.

.......................................................
.......................................................
Hayot o‘zi bir kam, asli xom xayol.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:28:50
Z I K R

Bizlar bu zamonda nelar qilmadik,
Bir parcha luqma deb sochlar yulmadik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Haqni izlab yo haq, haqni sotdik biz,
Yoz yotib qish qotib, kuzga yetdik biz,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Quddusda qon yalab, Makkaga chopdik,
Haq izlab falsafa — mujmala topdik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Rumu qum, Sorbonda ilm izlamadik,
Mayparast darveshday jim bo‘zlamadik,
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Zikrga tushsang gar, jazava derlar,
Kofir bo‘b qopti, deb g‘amingni yerlar.
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Hayotda yashashlik shakkoklik azal,
Shakkoklik madhida yozgaymiz g‘azal,
Kechirgin, Tabiat, Tangri - mukammal,
Nomingni ming bora zikr qiloyin.

Zikr — bu jannatning g‘amini yemoq,
Aslida hayotdan zir qochib ketmoq.
Kechirgin, Ollohim, Tangri, Xudoyim,
Dardimni ming bora takror qiloyin.

Zikr, bu — Yaratgan nomiga bir madh,
Zikr, bu — Insonning Ollohiga ahd.
Ming zikr qilganlar — jannatga ilhaq.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:29:46
SADAQA

Sadaqa so‘rasang devona atab,
Bir qoshiq qoningga zuqum qiladi.
Yelkangga tegarkan bir lahza oftob,
Bunisi-ku endi ehson bo‘ladi.

Sharqda ham, g‘arbda ham asli sadaqa
Bergan va olganga gunoh bo‘ladi.
Mabodo, yo‘lingda topsang bir taqa,
Kimlardir qirqdan bir umid qiladi.

Umring-ku aslida o‘zi sadaqa,
Ota-onang nomi chetda qoladi.
Umringga berishib bepul bir baho,
Ammo uning narxin qimmat oladi.
Ollohning ehsoni — jonimiz tanda,
Biz yana nelarni so‘rab yiqlaymiz.
Jannatu do‘zaxni ko‘rmay makonda,
Ularni izlashga doimo shaymiz.

Do‘zaxdan qochishga sadaqa berib,
Jannat xaridiga mablaq ayaymiz.
Ba’zida bevani noiloj ko‘rib,
Unga achchiq yolqon tamqa qo‘ygaymiz.

Jon achib gadoni izlagan bir choq,
Aslida Olloni izlamoq kerak.
Ollohdan sadaqa so‘ragan ahmoq,
Asosiy sadaqa berilgan beshak.

Birovga sadaqa bergan emasman,
Ularning hammasi xayr va ehson.
Boshqalar hukmiga baho bermasman,
O‘zimga sadaqa o‘zim beraman.

....................................................... 
.......................................................
Qancha bersang doim yana biri kam.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:30:10
DARVESH

Yurgan daryo ekan, olamni ko‘rdim,
Men gado emasman sadaqangga zor.
Yuzim soqol bosgan, xo‘b g‘arib ko‘rkim,
Yelkamda ko‘tarib yurganim mozor.

Shiddat bulog‘idan suv ichgan kunim,
Tarki xona qildim yelkalab olam.
Qora ipga bog‘lab yetaklab tunni,
Hayhot, deb izladim oddiy bir kalom.

Qo‘nim yo‘q kezarman, boshpanam qalbim,
Dunyo zarlaridan teshildi tovon.
Bir qoshiq qonimning qadrini bildim,
Bir qoshiq qonimdan bu dunyo alvon.

Bosh suqib bormadim boyu baxilga,
Nola devoridan g‘ash bo‘lib qochdim.
Sahroda ne zog‘lar kirdilar tilga,
Makkada gunohim bitdayin sochdim.

Alhazar, oyog‘im tinmaydi yo‘lda,
Falsafam ko‘pirib ketgan sovunday.
Sadaqa uzatmang bilmagan holda,
Zuvalamni ezmang past navli unday.

Tarki dunyo dedim, tark etmas dunyo,
Har bir tovonimdan tishlaydi tikon.
Mening bu erkimga ko‘plar mahliyo,
Tarki dunyo uchun topolmas imkon.

Aylanib dunyoni, tinmayin kezdim,
Yana, yana deya talpinar havas.
Dunyo keng ekanu, tor ekan sezdim,
Ikki oraliqda tugamas vas-vas.

....................................................
....................................................
Bildim, bu dunyoni tark etib bo‘lmas.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:30:43
SHOIR

Tong otar, kun botar, tepamda quyosh.
Qo‘l-oyog‘im bog‘liq, beshikdir dunyo.
Qahqaha uraman, ko‘zim to‘la yosh,
Birda Dante bo‘ldim, birda huvaydo.

Erkin irodamga tiz cho‘kib bir bor,
Inson tobeligin aytmoq istadim.
Aytdilar, osmonda o‘qilgay qaror,
Shoirlik – tobelik emas, qismatim.

His qildim dunyoning orzu-havasin,
Zanjirband sherdayin talpindim ulyo.
Bo‘g‘zimda tiqilgan bir so‘z qolmasin,
Undan ogoh bo‘lsin bu johil dunyo.

Sinovchan ko‘zlarim olamni ko‘rib,
Kuylatib yubordi bag‘ri-borimni.
Nola devoriga bordim bo‘kirib,
Yelkamda ko‘tarib og‘och dorimni.

Ey olam, shunchalar so‘zamol bo‘lsang,
Nega burro qilib aytmading borin?
Hamma soqov bo‘lsa, sen nega oqsan?
Sen ham tinglab ko‘rgin shoirning zorin.

Aytgin menga, olam, aytgin, ey dunyo,
Shoirlik qismatmi, hikmatmi, nadir?
Shoir zoti odam, ul ham avliyo,
Uni so‘zga qo‘shib qovurgay taqdir.

Shoirlar qismatin kuzatdim havas,
Ba’zida bir so‘zga bo‘ldim mahliyo.
Dunyo mendan qolgan yolg‘iz iqtibos,
Mening so‘zlarim ham bo‘lgay to‘tiyo.

.............................................................
.............................................................
Bir so‘zdan voz kechgan bo‘lar suvaydo.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:32:26
MUNOJOT

Sajdaga yiqildim, dilimda ohim,
Ko‘zlarim kosasi g‘am bilan to‘lgan.
Yelkamni teshmoqda bigiz nigohing,
Sajdadan turolmay vujudim o‘lgan.

Suyaklar go‘shtidan pora qilindi,
Ruhim uchib ketdi Chinvotni izlab.
Balkim nasabimda bordir Al-Kindiy,
Tarixga iltijo qildim ming bo‘zlab.

Aqlu zakovatim yetgan joy — Zamin,
Osmonu falakdan umidim yo‘qdir.
O‘zing buyurgansan,  borar joy ta’min,
O‘zing-ku belgilab qo‘ygan — shu taqdir.

Demak, munojotga o‘rin qolmaydi,
Demak, bu taqdirdan chiqolmas odam.
Bir ko‘plar oldingga ham borolmaydi,
Ularning vujudi aslida adam.

Men najot izladim, shafqat so‘radim,
Ohlarimni yozdim munojotlarda.
Na azlom, na ilhom... najot ko‘rmadim,
Buroq emas, chopdim ko‘k qirotlarda.

Taqdirga tan bermoq rayimda yo‘qdir,
O‘zing ato qilding, menda ixtiyor.
Umr o‘tib borar,  u  uchar o‘qdir,
So‘zsiz munojotlar menga bo‘lsin yor.

Atrof go‘zallikdan shodman men bugun,
Lek  taqdir kosamda liq to‘la qamdir.
Kelib munojotni kuylamoq uchun,
Yashash inson uchun eng go‘zal damdir.

............................................................
............................................................
Hamon munojotim mening bir kamdir.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:32:56
N  I  M  A ?

A
   Y
       T
          G
              I
                  N,

                          N
                             I
                                M
                                     A

Ye
   T
       M
            A
               S
                           S   
                               Ye
                                  N
                                      G
                                         A,

          E
               Y

I
     N
         S
             O
                  N.

Tahlil qildim hayotni aqlim bilan,
Atrofda ko‘p meni "œSen ortiq", degan,
O‘ylab ko‘rsam asli "œMen" yetmas ekan.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:33:54
SO‘NG SO‘Z

Jahonning choklari so‘kilmoqda-ku,
Xonliklar, qirollar, amirliklar yo‘q.
Oddiy bir haqiqat dunyoda haq-ku,
Qachondir tugagay oxirgi bir o‘q.

Inson vujudida tafakkur barhaq,
Jahonda yashagay faqat olimlar.
Gunoh sanalgay kim ko‘tarsa barmoq,
Shunda kerak bo‘lmay qolar qonunlar.

Chegara yo‘q edi Zamin sathida,
Devorlar qurishdan boshladi odam.
Mukammal tafakkur yetuk ruhida,
Chegara buzishdan boshlaydi olam.

Hatto go‘daklarning tushiga kirmas:
Chegara, siyosat, qotillik, zulmat.
Faqat inson aqli chegara bilmas,
Dinu dunlar emas, tafakkur — xilqat.

Erk degan tushuncha kerak bo‘lmaydi,
Ozodlik odamning ruhida mavjud.
Har odam olamda asli o‘lmaydi,
Unga beriladi o‘lmas bir vujud.

Tafakkur imkonin  ilg‘ashim qiyin,
Koinot, aslida, eng buyuk makon.
Odam vujudidan o‘chmaydi o‘yin,
Bunisin bilasiz, to‘xtamas zamon.

Dilimni gumonim kemirar tinmay,
Ertaklar o‘ziga ayladi maftun.
Qo‘l urdim kelajak senga hech bilmay,
Nahot, kelar ekan o‘shal buyuk kun.

Ishonaman, sokin vaqtning komida,
Sekin-asta borib o‘zgarar jahon
Va dunyoga kelar mukammal inson.   
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:34:19
SABRU QANOAT

Osmonu falakni, yulduzlarni ham
Ko‘zmunchoq shaklida ko‘rgan damlarim,
Sizlarni dilimda tuyub musallam,
Ular barhaq menga berilgan, dedim.

Hamdu sanolarim bo‘ldi ijobat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Bunday qarasamki olam bir go‘zal,
Bolalik damlarim qudsiy bir nafas.
Inson go‘zal bunda azaldan-azal,
Bir qizni sevdim — deb yurak berdi sas.

Yuragim dardiga uldir shafoat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Ot chopib dalalar kezdim bir mahal,
Qonim tomirimga sig‘may ufurdi.
Ezgulik donini sepdim bu hamal,
Orqamdan savoblar o‘zi yugurdi.

Shunda g‘ayratimga urdi shijoat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Og‘zimda luqma deb nelarni yutdim,
Halol-haromini bilarsan o‘zing.
Haq izlab bilimga mukkadan ketdim,
Sen o‘zing o‘qirsan oxirgi so‘zing.

Gunohdan qo‘rqdimu qildim tilovat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Insonman, hayajon bosdi bir damlar,
Mag‘rurlik otiga minganim sezdim.
Quvondim, yonimda yaxshi odamlar,
O‘z qalbim bog‘ida tinmayin kezdim.

O‘zimni izladim, aytib nadomat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Osmon yerda ekan, odamlar yulduz,
Ularning qalbiga qo‘l cho‘zib ko‘rdim.
Sherliklarin bildim, kelsa yuzma-yuz,
Faqat shular oldi yurakdan dardim.

Dunyoda har bir shaxs siru sinoat,
Qalbimdan joy oldi sabru qanoat.

Bir kun mukka tushib yotib olarman,
Yulduzu odamlar bo‘lar begona.
Yurakka dog‘ solib yiqitsa armon,
Buni sir saqlayman, aytib bahona.

Qoziq Yaratganga aytdim salovat,
Qalbimdan joy olgan sabru qanoat.

Olloh umr bersin sizga behisob,
Hayotni bo‘ston deb yashab o‘tgaysiz.
Mening ham nomimni duoda sanab,
Mahsharda joyimni obod etgaysiz.

Duo qiling shunday, bo‘lsin ijobat,
Qalbida ketdi deng sabru qanoat.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:34:35
GADO

Soya ham tanlamay o‘tirmoqdasan,
Ko‘chadan o‘tganlar oyoqin sanab,
Sen kimning bolasi, ey tirik jasad,
Qay shoir kuylatdi so‘zlarni tanlab.

Ko‘zingga bunchalar singib ketgan mung,
Bunchalar qayquni qaydan olding, gung.

Hamma xonandalar hofizlar emish,
Ularning to‘tilik odati yaxshi.
Sening nolang meni qildi faromush,
Meni boqa olmas biron bir baxshi.

Ko‘zingga bunchalar mung singib ketgan,
Qay bir so‘zing edi meni band etgan.

Sening g‘azalingni shoir yozmagan,
Shoir ham kuylaydi dilda borini.
Sening har bir so‘zing dilda muzlagan,
Sen qaydan olgansan Inson zorini.

Qanday sig‘a oldi bu ko‘zlarga mung,
Go‘yo qulab tushgan ular uzra tun.

Sen nola qilasan dardingni aytmay,
Olloh nomi bilan inoyat so‘rab,
Senga nasib etsin jannat degan may,
Yiqlama, gadojon, olamga qarab.
Ko‘zlaring mung to‘lib yig‘lama gado,
Seni ham bir kuni eshitgay xudo.

Osmon-falak ko‘m-ko‘k  sen unga befarq,
Mungli nolalaring uchmoqda sarxush.
So‘zlaring qalbimni teshdi beso‘roq,
Tik qotib oyoqda ko‘rmoqdaman tush.

Ko‘zlaring mungini ko‘rib tosh qotdim,
Men ham g‘amlarimni o‘zim uyg‘otdim.

Inson bolasining dardi ko‘p ekan,
Men ular komiga otilgan vayron.
Sening dardlaringni anglagan hamon,
O‘z dardlarim meni ayladi hayron.

Sening ko‘zingdagi mung gapirmoqda,
Vujuding tirnagan g‘am gapirmoqda.

Birdan hushga keldim, oyog‘im latta,
Dardlarim sanadim mungga salmoqlab.
Hammasi vaznsiz, turdim hayratda,
Sen ham o‘tir, dedim o‘zni barmoqlab.

Sendagi shijoat mungni yengmoqda,
Ey gado, bu olam qayga ketmoqda?

Kel, oshna, ikkimiz nola qilaylik,
Nola devorlari teshilib ketsin.
Biror mung ko‘rmasin ushbu xaloyiq,
Hammasi hayotda dard chekmay o‘tsin.

Mungli ko‘zlaringni ko‘targin, jonim,
Mening ham yurakda qotmasin qonim.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:34:56
TILANCHI

Taqvo tilanchilik qilmaydi,
U hayot ilmidan xabardor.
Qirq mingta qo‘yi bor zo‘r boyni
Hech kim ham tilanchi demaydi.

Qirq ming qo‘ydan qirqtasini
Boy sadaqa qilmaydi.
To‘rttasini so‘yib asli,
Haqdan shafqat tilaydi.

Shunday bir payt bobodehqon
O‘n qovundan ikkisin
Kutib turgan to‘ra, eshon
Rizqiga qilar ehson.

Qirq mingidan to‘rti ketdi,
Bunda o‘ndan ikkisi.
Haq hisobni to‘ra yutdi,
Yangi bo‘ldi do‘ppisi.

Shunday bir payt tush, saraton,
Jazirama issiq, hah!
Zir chopadi bola, chaqqon:
"œSadaqa bering, sadaqa"!

Taqvo tilar jannatdan joy,
Boy tinchini tilaydi.
To‘ra tilar so‘lim saroy,
Dehqon o‘zni aldaydi.

Bola chaqqon zir chopadi,
Undan hamma zir zada.
Tilanchilik, non topadi:
"œSadaqa bering, sadaqa"!                   

30.07. 2002
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:35:05
* * *
Qancha qizil she’rlar yozdim,
Ranglari alvon-alvon.
Ko‘rgandirsiz u bayozim,
Unda yo‘qdir til-zabon.

Sochmalarim tarqab ketdi,
Qatorlarda sir bilan.
Yashinmachoq o‘ynab o‘tdim,
Hayot ekan bir tutam.

Yo‘qotganim umrim bo‘ldi,
Topganim ko‘ksimga dard.
«Qum qasrim» bor qo‘limdagi,
Nashr qilar qanday mard?

Mana, bugun yozmoq bo‘ldim,
Yana bir dard nomini.
Ayta olsam yurakdagi,
Tilsiz u iymonimni.

Men ranglarni kuylamadim,
Ulardan topdim jilo.
Qatorlarda yashirganim
Odamlarga ber, Xudo.

18.06.06
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:35:16

                    *    *     *

Shoirlikni da’vo qilmadim,
Qiynayverdi qayquli dardlar.
Yomon odam? Uni bilmadim,
Aldayverdi meni nomardlar.
Qalam tutdi qo‘llarim tinmay,
G‘amlarimni kesmadi ohim.
Begonani do‘st dedim bilmay,
Gumroh edim, ortdi gunohim.

Qatra-qatra dardimni yozib,
Bayoz qildim o‘qidi kimlar?
Yiqlamoqda qalbim piyozi,
Sirli olam hamon ham imlar.

Qo‘y, ey odam, dardingni yozma,
To‘lib ketar dunyo kitobi.
Yiqlayverma tilsiz qoqozga,
Uyqun bo‘lmas dil obi-tobi.
06.06.06.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:36:06
SUVON SOQIYGA IKKI SHE’R

Kecha tunda negadir Suvon Soqiyning
she’rlarini olib o‘qidim. Ertalab gazetada
to‘satdan ta’ziyasiga ko‘zim tushdi. Kechqurun kelib pinakka ketibman, tushimda namoz o‘qiyotgan paytimda uyqonib o‘rnimdan
turdim. Joyi jannatdan bo‘lsin.

"œBanoras to‘n kiyib, gul tutar bahor.."
Suvon Soqiy

1
Gullar tilga kirdi, aylanar gardun,
Manfur odamlardan arimas dunyo.
Kimdir to‘kib solar qalbdagi dardin,
Boshqasi saroyu oltinga oshno.

Ruhingni yod etib yuragim sezdi,
Tunda ash’orlaring qildim qiroat.
Tong-sahar zaminda ilk quyosh kezdi,
Ta’ziyang eshitdim, bu ne sinoat?

She’r ahli gadolik ramzidir, aytding,
Alqissa, borliging bilardim ustoz.
Sen boqiy dunyoga yugurib qaytding,
Tushimda nomingga o‘qirdim namoz.
17.III.06. 18.III.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:36:13
2
Qatordan norlaring ketib bormoqda,
Haq qushlar, zorlaring ketib bormoqda,
Balog‘at yoshida chinor bo‘lmagan
Karlaring davrini netib surmoqda?

To‘ralar dunyoga suman bo‘lmadi,
Soqiy yashaydigan zamon bo‘lmadi,
Mening ham nomimni sotdilar kimlar,
Mendayin qariblar omon qolmadi.

Yaxshilar umidi gullardan edi,
Nomardlar bizlarni qullardan dedi,
Qullikni bo‘yningdan otsang-da hamon,
Fuqarong rizqini qo‘llardan yeydi.

Ohkim, ohimni tutmoqda falak,
Qatordan norlaring yutmoqda falak,
Ming fiqon chekaman dardingni aytib,
Boshqalar pul, boylik topmoqdan halak.

Norlaring beliga yukingni yukla,
Baham ko‘r dunyoviy orzungni ko‘p-la,
El bo‘lmoq istasang, ey ona xalqim,
Avval bor adabiy tilingni tikla.
18.03.06
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:36:19
* * *
Tun, daftar, qalam, yolg‘izlik va men.
Shahar shovqiniga dosh bergan go‘dak.
Xotirada kezar go‘zal g‘azalkent,
O‘n yil o‘tgan tuyg‘u, kecha kungidek.

Tush payti, o‘rikning soyasi, zax joy.
Erkin chumolilar sayr qilar masrur.
Jonga orom berar shabboda, ko‘k choy,
Do‘stlar davrasida kulgu va surur.

Hayot, xotira, orzu, kurash va qon,
Atrof muhitdagi siyosiy o‘ylar.
Kim ana qotilu, kimdir qahramon,
Vaqt dushman beshafqat bizlarni siylar.

Osmon, Olloh, namoz, qay bir payg‘ambar,
Gunohimiz jannatga yo‘l bermaydi.
Aslin olsak, biz o‘zimiz mug‘ombir,
o‘ammasiga javobimiz "œha, mayli".

Tun, sokinlik, xayolotning kurashi.
Umid-la qo‘yilgan par yostiqqa bosh.
Bariga chidaydi inson bardoshi,
Axir chiqadi-ku ertaga quyosh.
12—13.09.05.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:36:26
* * *
Tug‘ildim, quvondim o‘limdan qo‘rqib,
Vahshat dunyosidan bosh olib qochdim.
Olloh o‘zi menga rahnamo bo‘lib,
Yo‘limga fahsh, savob urug‘in sochdi.

Hayotning bor maqzi sinov bo‘larkan,
Ixtiyor menda deb quvondim, nodon.
Fahshdan lazzat topib yashadim har kun,
Maishat jomiga sho‘nqidim obdon.

Hayot yo‘lin yarmin bosib o‘tgan dam,
G‘am bosdi vujudim, qayga keturman?
Savoblar yiqmadim men nochor odam,               
Oxirat jomiga neni elturman.

Ollohning mehri-ku «Mendan qo‘rq» degan,
Mehriga tayanib shodon yashadim.
Umrimni menga u ishonib bergan,
Shu ishonch bobida qadam tashladim.
10—15. IX. 2004       
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:36:32
* * *
To‘shagim tobutday torayib ketgan,
Dunyo tashvishlari — rangsiz manzara,
Endigi har bir kun oppoq surp — kafan,
Yiqlamoq istayman yosh kelsa zora.

Quyosh ham aslida tanqis ehtiyoj,
Armonlar qabrida so‘ngan bir ko‘lmak.
Hassakash farzandlar qo‘lida siroj,
So‘nggi xotiralar — so‘nggi kamalak.

Tepakal yostiq ham toshdayin qattiq,
Rangsiz xotiralar, sassiq paytava,
Cheksiz uzun tun bermaydi hordiq,
Qasr ham ko‘ngilga sig‘mas bir kulba.

Tong otar, xo‘rozning mudhish azoni,
Hovli va ko‘chaga sepiladi qars.
Tangriga ming rahmat, uzmagan jonni,
Uning oldidagi uzilmas bir qarz.
11.12.2002
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:36:43

VOHUMANAXGA SALOT

Ezgu fikr, ezgu so‘z,
Ezgu ishlar yor bo‘lsin.
Yurtimizda ochiq yuz
Odamlar omon bo‘lsin.

Durug‘ dev seni alqab
Boshingga toj qo‘yarkan,
Axura Mazda qarg‘ab
Tamug‘ga tiqar bir dam.

Tetis dengiz tiklanib,
Muqaddas ruh uyg‘onar.
Shundan xalqim ruhlanib
Ul ruhdan olqish olar.

Spitamen — hur bobo,
Urupi kishu po‘stin.
Sizlarga bir iltijo,
Durug‘lar bizdan ketsin.

Yurtim sening g‘amingda
Zardo‘shtga topin bitdim.
Alqab-alqab Ashinga
O‘z qalbimni baxsh etdim.

Yukunchimni qabul et,
Ruhingdan olay madad.
Iloh Mazda, yurtga qayt,
Shifo topsin har bir dard.

Xaomaga to‘lsin yurt,
Anaxita — ma’budam.
Uydan arimasin sut,
Buyuk turk, buyuk odam.

Bobolarning ruhida
Oropiyga o‘rin yo‘q.
Alp o‘g‘lonlar qo‘lida
Yurt bo‘lsin omon va to‘q.
Zamon shohi Varaxran
Qoida nozil qilsin.
Buyuk yurt O‘zbekiston
Doimo obod bo‘lsin.

Topindim, muqaddas ruh,
Baxt uchundir nomozim.
O‘zing qo‘lla, ey Shukuh,
Baralladir ovozim.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:37:01
* * *

                      «U nishix proshu podayanya,
            Bogatim sama podayu»
Inna Lisnyanskaya

«Gadolardan so‘rab sadaqa,
Boylariga beraman o‘zim»
Aysh, ishratdan yuragim zada,
Musibatda tilayman to‘zim.

O, xaloyiq, beqam, beparvo
Yurishlarni hadya qil menga.
Hayot o‘zi ming dardga davo,
Gadolarga keraksiz tanga.

Bir qoshiq qon tiladim sendan,
Axir bu ham bir inson xuni.
Tilab olgan piyolam sindi,
Peshonamda bir qulning kuni.

Shohlariga sadaqa berib,
Gadolardan tilanib o‘tdim.
Aslin olsam, mehrobdan turib,
Olomonning qo‘lini o‘pdim.

Na bir mehr, na bir shafqatni
Bilmas asli ushbu olomon.
Hotamlikdan yuragim qotdi,
Hadya bermay o‘tdi bu zamon.
03.08. 004.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:37:41
DARVESHLAR

To‘satdan eshiging tunda taqillab,
Darveshlar sardori gar kirib kelsa,
Quvonchdan shunda sen olmaday gullab,
Oxirgi noningni aylagin hadya.

Bilgin, darveshlik bu o‘zdan kechmoqlik,
G‘ariblar dardini kuylaydi darvesh.
O‘zni izlamoqdir eng toza shodlik,
O‘zingdan yaqinroq topilmaydi xesh.

Sen bugun olamga qo‘l cho‘zib tongda,
Iltijo qilarsan izlab o‘zingni,
Boror joy topolmay darvesh xuftonda
Ko‘zda yosh kutadi iliq so‘zingni.

Bilsang, bu dunyoda bizlar hammamiz,
Tilanchi ekanmiz Tangriga azal.
Saxiy bu tabiat bersa o‘g‘il-qiz,
Neni biz tilandik tinmay galma-gal?
30.12.97.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:37:51
    JANNATGA KO‘PRIK
Chinvotu Pulsirot, hukaryo...
Bizga atalgan bu ko‘priklar.
Odamzod hayoti bir daryo,
Biz esa uzilgan kipriklar.

Tamug‘ning tomog‘i o‘yilgan,
Ayamay yutadi hammani.
Do‘zaxda nomma-nom qo‘yilgan,
Shohlaru ularning hammoli.

Kimgadir dahshatli qilko‘prik,
Qo‘zisin yetaklab haj qilar,
To‘plagan savobi bir ko‘pik.
Jannatga yo‘l olar jajjilar.

Umidi noo‘rin insonning,
Gunohsiz yashashga iloj yo‘q.
Amridan chiqolmay Xudoning,
Do‘zaxda yashashdan ko‘ngil to‘q.

Ko‘prik ham, kiprik ham o‘zingsan,
Agar sen Olloga sof hamdam.
Nur tomar begunoh yuzingdan,
Qalbingda jannatu jahannam.
21—22.04.2005
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:00
* * *
Inson tuqilarkan dunyo dardidan,
Shu dardga bo‘larkan fido, mubtalo.
Oh urib, dardiga topolmay imkon,
Ko‘z yumib ketarkan qilib iltijo.

Iltijo qilarkan o‘g‘liga bir bor,
Ko‘z tikib qilarkan moliga ham zor,
Ne qilsin foydasiz ularning bari,
Ki olam nisbatan eski bir bozor.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:08
Kengga tor dunyo
Tong — sahar yakka bir yulduz mo‘ralab,
Arzudod ayladi: «Osmon juda keng».
O‘shal payt boshqasi oyga bir qarab,
Ko‘kning torligidan bo‘lardi tajang.

Birovga tor osmon toraydi birdan,
Tosh otdi yulduzlar to‘dasi tomon.
Vujudi titragan o‘shal yulduzjon
Kengning torligiga lol qoldi hayron.

Keng osmon kengligi yoqmagan mahal,
Tor osmon torligi aylasin xursand.
Yulduzjon, bu holdan qilma arzu hol,
Chidagin bariga, chidagin harchand.

Ko‘kning supurgisi tushmay boshingga,
Keng joyda oyoqing uzatib yotgin.
Sen ham alqov aytib tor bir joyingda,
Abadiy nuqtaday tosh bo‘lib qotgin.
05.11.2001
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:17
* * *

Lopillab qor yog‘sa birdan quvonib
Bahor yomqiridan entikamiz bot.
Ilk bora o‘pishsak yuzimiz yonib,
Titrab tobutlarga boqamiz, hayhot.

Sarg‘ayib quyoshdan ranglar o‘chadi,
Birgina o‘limga barham yo‘q mudom.
Ajal qilichidan hamma uchadi,
Kemirib tursa ham qalbini gumon.
Jonsiz tabiat yo‘q atrofga boqsang,
Hayot go‘zal faqat jonli asnoda.
Jonsiz jonzot ko‘rsak  asablar tarang,
Tavallo jon ato qilgan Xudoga.

Chayqalib borarkan yelkalar oshib,
Jonsiz jasad yotgan qoqshol u tobut,
To‘rt kitob suvrasin o‘qiymiz shoshib,
Iymonu ishonchni qilmoq bo‘lib but.

Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:28
MEMENTO MORI
                      O‘limni yodingda tut

Zohidlikda belga zunnor taqolmadim,
Shahar kelib qishloqqa yo‘l topolmadim,
Aytmoq bo‘lib dilda borin yozaverdim,
Och qorindan vijdonga yo‘l topolmadim.

Zar qidirdim zinolardan zardob ichib,
Ho‘l bo‘lmadim tunu-kunu ko‘z yosh kechib,
Dilda bo‘lgan harna borin aytolmadim,
Izlaganim ilhom bo‘ldi sharob ichib.

Do‘stu yorim qazo qilsa borolmadim,
Ustoz olmay o‘zligimdan hech qolmadim,
Aytmoq bo‘lgan yuragimda dardim ko‘pdir,
Abdullolik to‘g‘ri yo‘lni topolmadim.
Aslin olsang, asosingni yodingda tut,
Har bir savob ishingga haq Xudodan kut,
Yo‘ling vijdon, izlaganing shaxsan o‘zing,
Mahmud doim mana shuni yodingda tut.
1-4. 02. 2002

Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:34
* * *
«Men agar do‘zaxdan qo‘rqsam meni yondirib yubor, Jnnatni orzu qilsam, haydab chiqar»
Robiya Al-Alaviya USh asr shoirasi

Men muslim bo‘lganda, do‘zaxdan qo‘rqmas edim,
Men muslim bo‘lganda, jannatni so‘rmas edim.
Birgina falsafam bo‘lar — odil yashashlik,
Oqilo, iymonni hech kimga bermas edim.

Do‘zaxdan qo‘rqish, bu — yoxud, Ollohga ta’na,
Jannatdan umid, bu — yoxud Ollohga ta’ma.
Ta’na ham, ta’ma ham axir insofdan emas,
Zero pushaymonning toshini termas edim.

Kimsalar ba’zida ibtidodan gap ochar,
Jannat deb lof urib intihodan gap ochar,
Yo‘q-ku, chog‘i bu gardunda «Bo‘l» yo oxirat,
Ohkim, oxiratning qamin hech yemas edim.

Hayot bir sham ekan, lip etib yonar bir dam,
Kelarin, ketarin bilmay o‘tar har odam,
Ey haq, men nohaq, bu gaplar o‘zingga ayon,
Shu uchun hech qachon «Anal-haq» demas edim.
07.11.98
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:41
MEN YAGONA TIRIK MUJOHID
Kelajak oyoqim ostida
       U meni dast bosib o‘tadi.
Taqdirim baxt izlash qasdida,
       Tinmayin azlomin kutadi.

Jahon majaq, xaroba narsa,
       Ammo u qabrimday muhtasham.
Ko‘z uzmaydi kimki bir ko‘rsa,
       Dono itqitadi, sen bunga ishon.

Erkakdan qovurg‘a sug‘urib,
       Ayolni yaratdi Ollohim.
Men ayolning ko‘ziga kirib,
       o‘zimni izladim tinmayin.

Mast qiladi gulning ifori,
       Gulga qo‘nish fahsh dedi zohid.
Yuragimning chinqirar zori,
       Men yagona tirik mujohid.
02.04.2003
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:47

Ulug‘lari ulug‘man deb mag‘rurlik qilar.
Boshqalari o‘z g‘ami-la dilga g‘am soldi,
Qani ushbu muammoga javob, kim bilar?

Soxta shonu shuhratlarga talpinchoq odam
Mol mulk desa, oltin desa tinmay quvadi.
Shon-shuhratdan voz kechganu oltinni otgan,
Bunday darvesh odamni hech jahon ko‘rmadi.

Qaysi birin etagini tutayin desam,
Shuhratdagi qaddorlari sensirab dedi:
"œBir chaqa yo‘q cho‘ntagingda, sen o‘zi kimsan?
Kattalarga elashmagin, g‘amingni ye-da."

Boy-badavlat boshqasini og‘ayni desam,
Yelkasini qisib deydi: "œSen o‘zi kimsan?"
Badavlatning oqaynisi boy bo‘lar ekan,
Men o‘zimni na shonli-yu, na boy demasman.

Odamlardan ko‘nglim qoldi, tafakkur qani?
Shon shuhrating sag‘anangda bitikdir, axir.
Boyliklaring birga ketmas, pulda yo‘q ma’ni,
Hammamizga bitta erur bitilgan taqdir.
01.04.06
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:38:53
* * *
Odamlardan ko‘nglim qoldi.....................,
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:00
* * *

               Bu dunyo o‘tkinchi, uni ezgulikka sarf eting.
                      «Bibixonim» obidasi
                       peshtoqidagi yozuv

Rivoyat qilishar qadim moziydan,
Ehromlar, masjidlar, butu kaliso.
Tinmayin siqinmoq faqat lozimday,
Vahiy olib kelar Muhammad, Iso.

Tavba, sajdamizni buyurgan o‘zi,
O‘lchab qo‘ygan axir rizqu ro‘z, nonni.
Tovuq so‘ymoqqa ham qo‘ymaydi ko‘zi,
Gumonlar komiga otgan iymonni.

Alhol bu dunyoni o‘tkinchi atab,
Ezgulik bog‘iga chorlaydi xonim.
Saboq kerak desak, juda ko‘p maktab,
Sajdaga bosh qo‘ysam, qaynar gumonim.

Hayhot, bu dunyoni o‘tkinchi dedik,
Ammo abadlikning yo‘qdir iloji.
Ketmoq maqsad bo‘lsa, biz nega keldik,
Axir biz hayotning yerdagi toji.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:05
ROHIBNING XIRGOYISI
Ruhingizga madad bergan, men rohibman,
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.
Sizni deb ruh gulin tergan men rohibman,
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.

Ruh dog‘ining davosiman, men rohibman.
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.
Dil xastalar havas qilgan men rohibman,
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.

Davo desa, meni izlang, men rohibman,
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.
Poklik desa mendan so‘zlang, men rohibman,
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.

Olloh suygan omonatga, men rohibman,
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.
Ruh qiynalsa xiyonatda, men rohibman,
Men rohibman, men rohibman, men rohibman.

Men rohibman, men rohibman, men rohibman.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:12
* * *

Shoirlarni yoqtirmaydi
Na burgutu, na kalxat.
Shoirlarni yoqtirmaydi,
Aslin olsak qora xalq.

Shoir so‘zi achchiq mezon,
Bilmaydi u hech shafqat.
Hatto Tangri o‘zi hayron,
Shundan sevmas Muhammad.

Aytmay balki yillar o‘tar,
Shoir shirin so‘zini.
Ilohiy bir kuch yetaklar,
O‘tga urar o‘zini.

Taqdir tiqi tilka qilar,
Shoir bo‘lib tuqulsang.
Ammo kimdir yiqlab qolar,
Shoir bo‘lib sen o‘lsang.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:18
* * *
Egam ezgulikni vasiyat qilgan,
Savobu gunohning hisobi tayin.
Yoshlikdan shaytonlik bizlarga hamdam,
Shul sabab sho‘xlikdan qutulmoq qiyin.
Aqlimiz peshlanib, tishlar tusharkan,
Shaytonning sha’niga otamiz biz tosh.
Ustozlar topamiz ham g‘arbu sharqdan,
Go‘yo ular bizga endi bir sirdosh.

Aslini olganda, shaytonlik qilib,
Endi kimlarnidir yo‘ldan uramiz.
Nasihat qilamiz yuziga kulib,
Shayton bilan doim birga yuramiz.

Olloh bandasini yaratgan zamon,
Shaytonni qon uzra qildi bovujud.
Jismimiz shaytonga bo‘larkan makon,
Shaytonlik bizlarda aslidan mavjud.
14.12.05
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:25
* * *
Qabrlar qalashib yotgan qabriston,
Qara, oh chekmoqda yangi bir mayit.
Aslida shu joyda eng buyuk doston,
Qatorlar mozoru harflar xaloyiq.

Mana bu Xallojning nevarasidir,
Mana bu so‘fiylar mulkiga xo‘ja.
Shu joyda Tohiru Zuhro tasviri,
Hatto muhabbat ham bunga bir o‘lja.

Bu joyda hech bir kas chekmaydi oh-voh,
Bu joyda nolish yo‘q do‘zax zahridan.
Qabr ahli so‘z olmas, bo‘lmaydi guvoh,
Hatto bir-biriga bo‘lmas qadrdon.

Qabriston bizlarga kerak aslida,
Biz tirik go‘llarga kerak haykallar.
Jonimiz oqrimas tirik faslida,
Qabrtosh o‘rniga tutaylik gullar.

Evoh, bu joyni ham qilibmiz harom,
Zardo‘shtning yonida muslim haykali.
Qachon bir keladi biz kutgan zamon,
Dinu isbot o‘rniga hayot baytali.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:31

* * *
Qarang, sahnadagi telba soqovni,
U mening jasadim, u mening aksim.
Kunlarim eslatar o‘ljasiz ovni,
Hayotim qamramas hech biron tasnif.

Mana, ko‘rgazmada siniq basharam,
Uch nutfdan yaralgan ilohiy xilqat.
Ming bir parchalardan tirilgan adam1
Aslida Elohim tuqqan odamzod.

Kun kecha sadoqat bildirdim No‘hga,
Muso ham xafamas aslida mendan.
Isoning aksi deb siqindim cho‘pga,
O‘zimni topay deb qaysi bir dindan.

O, Zardo‘sht, unutdim ezgu fikrni,
Koinot nisbida amal o‘ta sust.
Asrlar tinmayin qildim zikrni,
Haqni inkor qilib bo‘ldim kommunist.

Qarang, sahnadaman dilim yalonqoch,
Avratim berkitib turmoqda vijdon.
Ayt, yarim oy, bugun, sen aytgin, ey xoch,
Qaysing ato qilding bu adamga jon.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:37
* * *
Bir kechada soqol o‘sib,
Bir kechada oqardim.
Bo‘qzimdagi selni to‘sib,
O‘zni o‘tda yoqardim.

Huzurim yo‘q, halovat yo‘q,
Dod desang telba derlar.
Kuyla, vijdon, sen bir o‘t yoq,
Qulasin so‘nggi dorlar.
Dor ipini o‘ynar maymun,
Jallod bilan ishi yo‘q.
Buni ko‘rgan elga qiyin,
El muqombir, el buyuk.

Kim kishanin uzib otsa,
Kulbasini yo‘qlaydi.
Kishan hatto oltin bo‘lsa,
Qayta boshni tiqmaydi.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:45
* * * 
Bo‘sh xona, atrofim jim-jit, sukunat,
Ruhingiz sharpasin yonimda sezdim.
Xona to‘la motam, qirq kunlik muhlat,
Otajon, ayriliq baqrimni ezdi.

Saharda aytilgan nolali azon
Sonsiz namozlarni eslatdi menga.
Rixlatga yo‘l olib siz ketgan zamon
Osmonning parchasi uzildi yerga.

Soatning millari imillab bir hol,
Chiq-chiqlab jonsarak ketib boradi.
Ko‘kdan mungli qarar yarimta hilol,
Singlimning qo‘lida singan bargagi.
Ukamlar bo‘qzida ohini yutib,
Mungg‘ayib yuzimga tikiladi jim.
Bizlar ham abadiy visolni kutib,
Hayot qovlariga qilamiz hujum.

Ilk bora tobutni yelkaga olib,
Chayqalgan dunyoni ko‘tardim boshga.
Kaftlardan tuproqni etakga solib,
Nabiralar ohi uchar quyoshga.

Jolali ko‘z yoshlar tugaydi oxir,
Faqat xonangizda lipillaydi sham.
Oyatlar xulosa chiqarar — taqdir,
Ayriliq dardidan hamon ko‘ksim nam.

Insonga belanchak ona tabiat,
Qo‘yningda yolvorib o‘qiyin duo.
Ollohim, otamga atagin jannat,
Ushbu iltijomni qabul qil, Xudo.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:52
* * *
Aytishga oson gap, ha,
Bir kun kelib daryolar
O‘zanlardan chiqarmish.
Odamlarni ilonlar
Davo uchun chaqarmish.
Suv o‘rniga sut oqib,
Isrof bo‘lgan bir zamon.
Insonlar ko‘kka boqib,
Ollohdan qilgan gumon.
Savdo degan tushuncha
Sahrolarda bo‘lmagan.
Tun — qorong‘u tushganda
Uyga mehmon kelmagan.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:39:59

* * *
Osmon gumbazining gardishi yerda,
Samandar bulutlar cho‘qiydi tog‘ni.
Bevatan yurtlarni kezgan habashga
Tunda oy eslatar suyuk dudog‘ni.

Ko‘nglim qalmoqlarning yurtida kezar,
Alpomish singgari Barchinni izlab.
Yuragim yalmog‘iz kampirni sezar,
Vujudim negadir yig‘laydi bo‘zlab.

Birdan seskanaman oy jilvasidan,
Uyushib ketadi butun borlig‘im.
Kechib yuborganman aysh xolasidan,
G‘am tinmay o‘tkazar nashtarsiz zug‘um.

Hayron nazar soldim o‘tmish, kelajak,
Na unda, na bunda ma’no topmadim.
Tarmashganim bo‘ldi quloq, solinchak,
Sekin qo‘lga olib sharob ho‘pladim.

Butun tomirlarim larzaga keldi,
Miyam qobig‘idan sidirildi g‘am.
Eng topgan falsafam beg‘amlik bo‘ldi,
Nahot dardlarimga beo‘ylik malham?
15.01.07
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:40:05

* * *
Kirib keldim, mana, chang qishlog‘imga,
"œBobom keldi" deya chopar jujuqlar.
Men ham chopar edim bola chog‘imda,
Bobolar maqtardi "œYashang, puchuqlar".

Mana, navbat kelib bular chopmoqda,
Qishloqqa yarashgan ismlari ham.
Birin ismi Elbek, biri Sher, Parda...
Bunisi Tog‘ay-u, bunisi hamdam.

Xursand ko‘ngil bilan qaytaman shahar,
Bunda yoshlar chopmaydi yo‘limni to‘sib.
"œOshga" otlanaman erta tong-sahar,
Qay bir Mirmahmud-la yelkamni qisib.
Shaharning o‘zicha ziyosi baland,
Quloqqa qoqilar tinmayin simlar.
Mana bu Mirg‘ozi, mana bu Ahmad.
Bu joylarda tanqis turkiy ismlar.

Ancha hayron bo‘lib xayol suraman...,
Qo‘shnim Furqat o‘g‘li galvars Nikolay...,
Jalol nevarasin atapti Jimmi...,
Sof turkiy ismlar qolar, har qalay....
23.08.006.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:40:11
AFSUS
Dunyo shirin ekan chinqirib keldim,
Onam ko‘kragidan ayrildim, afsus.
Yoshlik o‘taverdi hayqirib yeldim,
Uning etagidan tutmadim, afsus.

Go‘zallik rom qildi bir kuni meni,
Qatra tuyg‘ularni ushlab qolmadim.
Chanqoq so‘rgan edim sanam labini,
Bu lazzat neligin hech bilolmadim.

Mana, etagimdan tortar jujuqlar,
Farzand quvonchiga topolmadim so‘z.
Dunyo bu g‘alati, yig‘lar injiqlar...,
O‘limga oltinlar bo‘lolmaydi ko‘z.

Kuzu qish, bahorni quvdim qayoqqa?
Vaqt bilan muloqot qurmadim maxsus.
Umrimni bo‘yapman qonli bo‘yoqqa,
Yo‘qotgan vaqtlarim, sizlarga afsus.
29.08.06
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:40:19
* * *
Yillar o‘tib, har kuni
Yerga singib boraman.
Suvday oqib har yilim,
Suvday tinib boraman.
Hayot degan ne ekan?
Ko‘rday ketib boraman.
Oxirgi so‘z bolamga,
Nelar aytib beraman?
So‘nggi safar chog‘ida,
Nimalarni teraman?
Tanglo Tangrim so‘rasa,
Neni aytib beraman?
11.03.07.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:40:25

* * *
Butun vujudimla seni o‘yladim,
Seni har dam yonib-yonib kuyladim,
Faqat senga mungli dardim so‘yladim,
Sen-chi o‘z yo‘lingda ravonasan, yor,
Menga-chi, o‘zgalar qo‘y yig‘lama der.
Bag‘ring meni bunda chorlagan edi,
Balki safarim ham adog‘in yedi,
Ortimdan lolalar ergashib keldi,
Faqat sen kelmading, bag‘ri tosh baxtim,
Nahot, izsiz qolar hayotim, taxtim.

Oyni anglagancha quyosh bag‘rida,
Umrni boy berdim yoshlik davrida,
Xom hisni quvladim sevgi jabrida,
Sen eding aslida yig‘latgan armon,
Sening hur tuprog‘ing jonimga darmon.

Karvon qatorida bugun nor o‘zing,
Jahonda ilk bora yangradi so‘zing,
Endi yashirmagin quralay ko‘zing,
Yurtim, bayrog‘ingda lablarim izi,
Quvvat ber, yangrasin Mahmudning so‘zi.
02.09.06
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:40:35
* * *
Ko‘p yillar hayotni tikon ustida
Harorat bilmayin kuzatdim ma’yus.
Kimlar kutar edi shafqat do‘stidan,
Boshqalar deyardi do‘stiga: "œdayus".

Birda yaxshilarning ortidan chopdim,
Aslida olardim yomondan saboq.
Meni qarg‘agandan sof saboq topdim,
Xatodan to‘xtagan paytim yuzim oq.

Maqtadim, maqtaldim, aldangan paytlar
Savobu gunohning rangin topmadim.
O‘ta go‘zal chiqdi afsusli baytlar,
Yashirib o‘qidi ularni mardum.

Shuning-chun Ollodan jannat so‘rmadim,
Shaytonga aytmadim: «qitiqlama», deb.
Bori o‘zimniki, o‘zlik amalim,
Tangri adolatli, adolat — xitob.
06.09.06
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:40:43
* * *
Men dunyoning qaysi burchidan,
Oyoq olib senga intildim.
Ip aylanib urchuq yonidan,
Men o‘zimni izlamoq bo‘ldim.
 
Daraxtlarning ma’yus barglari
Non tilagan devonalar bu.
Vujudimning titroq dardlari
Sen tomonga otilgan qayg‘u.

Yana nelar istaysan, hayot,
Hur sargardon aylading meni.
Kutma mendan hech qachon "œVoy-dod",
O‘zimga qo‘y, yutaman uni.

Men turgan joy dunyo kindigi,
Har bir giyoh jannatdan darak.
Bilarmisan o‘zing kimliging?
Men o‘zimni bilmog‘im kerak.
27.09.06.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:40:50
* * *
Bir anorni so‘ydim bag‘rin qon qilib,
Donalarga urdim jaholat tig‘in.
Asli nodon edim, buni shon bilib,
O‘z nafsim o‘yladim hammadan muhim.

Anor qonin to‘kib berardi sharbat,
Alvon yuzlaridan qon qochar edi.
Umrbod ko‘rgani behisob mehnat,
Bag‘ri kengligidan u ozor yedi.

Sharbat ta’min tatib, po‘chog‘in otdim,
Nordonu navsizlik — kamchilik topib,
Mijg‘ov boboy sifat kimga so‘z qotdim,
"œMoya semya" ichdim qo‘shnimni o‘pib.

Anor qaydan bilsin og‘zim aroqdan,
Ta’m bilmay, mazadan mahrum bo‘lganin.
Jaholat boshlandi, bilsam, o‘zimdan,
Unutdim anorning mehnat qilganin.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:41:01
* * *
Oydin-oydin gul bo‘lib boqdim,
Hatto so‘qmoq yo‘llaring uzra.
Jilg‘a, ariq, daryoday oqdim
Qishu bahor, qaytuvchi kuzda.

Shirin-shirin orzularimdan
Senga atab afsona yozdim.
Orzularim mingdan biridan
Xabaring yo‘q, o‘zim yutqazdim.

Xat ixtiro qilgan odamzod,
Telefonu internetni ham,
O‘z ruhida o‘zidan ozod,
Imkon izlab o‘tadi hamon.

Tabiatning inju bolasi,
Sevib qolgan nihol, nozik qiz,
Muhabbatning qul mubtalosi,
Ba’zan sevib aytolmaymiz biz.
03. 06. 06.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:41:08

* * *
Bo‘m-bo‘sh bog‘lar boshin ko‘targan,
Daraxtlardan qochmoqda uyqu.
Bu holatdan qushchalar hayron,
Keng bo‘shliqqa bildirar tuyg‘u.

Atrof — bo‘shliq, ufq zanggori,
Boychechakning yuragi notinch.
Ariqdagi qorning oxori
Ko‘z yosh to‘kar tinmayin bilch-bilch.

Qor ko‘ziga tiqilgan loylar —
O‘rmalaydi jonsiz chuvalchang.
Boshlanadi endi voy-voylar,
Qon qaynaydi, ahvol bo‘lar tang.

Men bahorga hayron bo‘laman,
U shunday bir qudrat egasi.
Bahor olib keladi armon,
Nodonlarning qotar ensasi.
07.03.07.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:41:15
ALDAMANG
Tongda menga oqqan ohanglar,
Kunda menga yoqqan ohanglar,
Tunda meni yoqqan ohanglar,
Sizlar meni navolarga
O‘rab aldamang.
Tongda turib sayrar bulbullar,
Kunda hisga to‘lar bu gullar,
Tunda iffat izlar bu qo‘llar,
Sizlar mendan ishq savdosin
So‘rab aldamang.

Ishq, o‘tida yongan odamlar,
Hajr zahriga qongan odamlar,
Sizlar uchun buyuk bu damlar,
Mendan so‘rab ishqning suvrasin
Zo‘rlab aldamang.

Ishq — g‘aflat deb o‘tdi zamonlar,
Moziy asli qat-qat armonlar,
Nahot, bugun o‘chmas fig‘onlar?
Oshiqlarni ayriliqda
Xo‘rlab aldamang.

Inson asli oshiq bir gulga,
Baxt degani baxt bermoq dilga,
Baxtsiz dunyo qimmat bir pulga,
Bu jumboqlar javobini
Yo‘q deb aldamang.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:41:25
     ASLIDA U DUNYO

Har kuni yuz marta do‘zaxga tushib,
Yuz marta jannatni qildik ziyorat.
Bilmasdan dunyoga kelibmiz shoshib,
Ketishni bilmaymiz tugasa toqat.
Bu dunyo jannatdir shodon paytimiz,
Yig‘lasak, bu dunyo do‘zax makoni.
Aslini izlaydi nido ham hargiz,
Asliga qaytishning bormi imkoni?

Aslida, nido ham o‘zimiz ekan,
Ushbu nidolardan yaralgan odam.
Jon — achchiq, hamma ham hayotda ko‘rgan,
Yaratar, mavh etar odamni odam.

Jannat ham shu ekan, do‘zax ham shu joy,
Bog‘larga bosh suqsang, jannat ko‘rasan.
Mana bu nobakor qorimoqda loy,
Do‘zaxiy holini nechun so‘rarsan?

Aslida, u dunyo hayot makoni,
Aslida u yoqda hayotiy damlar.
Ko‘rsin deb, aslida, oxir zamonni,
Surgun qilingandir ushbu odamlar.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:41:34
* * *
Baxt izlab bolamning boshin siladim,
Sassiq choyxonalar boshpanam bo‘ldi.
Aslida o‘zimni o‘zim izladim,
Jig‘ildon o‘rniga paymonam to‘ldi.

Dud to‘lgan bu joylar o‘tmadi izsiz,
Har kemtik piyola o‘qidi saboq.
Aslida ne izlab dod solamiz biz,
Taqdir deb atalmish bu quruq tovoq.

Shaytonga salom ber qo‘lingdan kelsa,
Tunda barg shitiri berolsin lazzat.
Bir kuning qolsa ham shukrona qilgil,
Qaytib berilmaydi bu kemtik hayot.
? — 15.12.2004.

Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:41:48
       BAXTNING RIVOYATI

Rivoyat qilurlar keksa bu moziy
Hammasin biladi, barchasi ayon.
Insonning umriga u o‘zi qozi,
Odamzod bilmaydi ketmog‘i qachon.

Ona yer bag‘ridan ajramaydi baxt,
Moziy ham chiqmaydi Olloh izmidan.
Butun zamin unga qulamas bir taxt,
Umr-ku bevafo uning nazdida.

Shunday bo‘lsayamki ba’zan insonlar,
Ushbu vaqt bo‘yniga sirtmoq soladi.
O‘zini buyuk deb sanagan onlar
Vaqt domiga tushib hayron qoladi.
Vaqt domin ushlamoq bo‘lganlar aytsin,
Zardo‘sht deb o‘zini atagan inson.
Axir o‘lib ketdi, ne qilsin, qaytsin.
Dunyoni titratib o‘tdi har hoqon.

Koinot mulkida qisqa bu umr,
Yaltirab kimlarni aldamadi u,
Aslida mana shu aldovdir qusur,
Beg‘am boshlariga yog‘dirar qayg‘u.

Qo‘shnining baxtiga quvonmasa kim,
Baxtsizdir, o‘zini aldab qo‘yadi.
Mana shu vaqt o‘zi chiqarib hukum,
Doromi, Iskandar, ko‘zin o‘yadi.

Zamona zayliga silkib juganni
Bir kuni shoh Doro ko‘zini qisdi.
Bosib olmoq bo‘ldi qo‘shni xalq xunni,
Xayolan xunlarning baxtini to‘sdi.

Vaqt degan saltanat tizgini ammo,
Koinot mulkidan chiqmas-ku, axir.
Qo‘shniga ko‘z tikish o‘zi muammo,
Birovning mulki-ku doim qum qasr.

Sonsiz bo‘lganda ham qo‘shin, Siyovush,
o‘zga yurt, o‘zga xalq, ular ham odam.
Buzog‘in suyadi hatto kal govmish,
Balo qazolardan asraydi u ham.
Har bir xalq o‘zining qadriga yig‘lar,
Hech bir kas dunyoda ko‘rmasin firoq,
Bobolar mozori toptalgan joyda,
Ilk bora uyg‘onar har cho‘pon, Shiroq.

Paydar-pay omadning ketganin ko‘rib,
Dorolar pushaymon barmog‘in tishlar,
Axir Chingiz xon ham davrini surib,
Jalol tiynatiga bir so‘z bag‘ishlar.

Hayhot, nima ekan bu hayot o‘zi,
Doro-yu Chingizning hukmimikan baxt?
Yoki baxt Shiroqning o‘yilgan ko‘zi.
Balki u chimlardan qurilgan bir taxt?
Yanvar. 2006     
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:41:54
* * *
Ba’zilarni Olloh ibrat bo‘lsin deb
Ataylab tafakkur, aqldan qisgan.
Go‘yoki ular naq g‘oyibdan kelib,
Hayotda o‘zlari g‘o‘dira o‘sgan.

Tug‘ilishda ona tarafin olib,
Otasin ulushin tinmay so‘raydi.
Bu sirlar vasfida javobsiz qolib,
Otaga do‘q urib yo‘lin o‘raydi.
12—15.X12001
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:42:02

* * *
Beruniy dilining dardi bo‘laman,
So‘g‘dlar siymosidan merosdir jussam.
Asrlar qa’ridan menga sen hamdam,
Dilimning qiblasi, eng buyuk Asham.

Men seni tan olib sig‘ingan mahal
Yakkaxudolikni bilmasdi jahon.
Kimdir oyga qarab aytdi, ey hilol,
Men seni tan oldim, sen bunga inon.

Kimdir podasining oyog‘in o‘pdi,
Kimdir bodasiga mukkadan ketdi,
Hamma ham izladi o‘ziga ishonch,
Sendek yakkasini topmayin o‘tdi.

Tarix qatlamlari ko‘chgan zamonlar
Men sendan ayrildim, kechirgin, Asha.
Sen o‘zing yaratgan ushbu insonlar
Senga sig‘inadi hamon, hamisha.
04.1999. 30.01. 2002
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:42:08
* * *
Biz keldik dunyoga bu taqdirga toj,
Balki loyimiz boz qayta qorilgan.
Balki balchiq tanamiz bizga bir xiroj,
Qaytadan tasodif qiymat berilgan.

Ayni tasodifni tan olsak agar
Va yoki iroda mahsuli desak,
Negadir natija o‘xshash bir qadar,
Haq boru huquq yo‘q qay joyda bo‘lsak.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:42:21
BU SIRLI DUNYO
Suv sathiday silliq bu dunyo,
Ishonmasang zarrabin olgin.
Kengga kengu torga tor dunyo,
To‘lqinlari suvda bor dunyo.

Havas bilan eksang bir daraxt,
Mevasini yeydi shaytonlar.
Onasini bilmagan badbaxt,
Izlamagin, senda bor, dunyo.

Chag‘alayga tosh otar bola,
Avlodlari o‘tganmi sayyod.
Chor atrofda to‘la-ku nola,
Nolasizga sen-ku zor dunyo.

Quyosh balqib chiqar har kuni,
U Ilohning qo‘ygan tamg‘asi.
Oyog‘ingdan olar har xuni,
Jahannamday sirli g‘or, dunyo.

Dil sathiday silliq bu dunyo,
Ishonmasang bir sevib qolgin.
Sevishganga gullagan dunyo,
Sevmaganga o‘ta tor dunyo.
26.01.97.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:42:28
VAQT
Vaqt insonga do‘st emas,
dushmandir
                               A. Shopengauer

Vaqt hakam deydilar, bilmadim, evoh,
Hakam, bu — dildagi armonlar toshi.
Toshlarning vaznini belgilar gunoh,
Har kimning o‘zlikda o‘zi sirdoshi.

Armonlar vaznini belgilar orzu,
Orzuga ayb yo‘q, deb jar solar tarix.
Bugunim ertamdan olingan qarz-ku,
Qarzdorning doimo rangi sap-sariq.

Kunlarim o‘tganin kuzatib g‘amgin,
Ohimni yurakga yutaman notinch.
Hoyna-hoy ertaga uyg‘onib tongdan,
Kelajak, senga deb tuyaman sog‘inch.

Vaqt o‘tib bormoqda shijoat bilan,
Gunohim ko‘pmi yo savoblarim kam?
Har qalay umidvor bir tirik jonman,
O‘zingsan men uchun eng oliy hakam.
14-16-19.06.2004
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:42:36
      GUNOHIM KO‘P
Gunohim ko‘p, gunohim ko‘p,
Savobimdan gunohim ko‘p.
Qasam birlan agar aytsam,
Tavobimdan gunohim ko‘p.

Mo‘r-malax u ilonlarga,
Qiron berdim quyonlarga.
Kuchim yetgan shu jonlarga,
Gunohim ko‘p, gunohim ko‘p.

Munis qizlarga gap otdim,
Behuda nonlar ushatdim.
Eng yomoni ko‘p gap sotdim,
Savobimdan gunohim ko‘p.

Yosh ketib sochim to‘kildi,
Tavba qildim, kim ham bildi,
Samodan na vahiy keldi,
Menimcha ha, gunohim ko‘p.

Taqdir  azal bitik bo‘lsa,
Mening hech bir gunohim yo‘q.
Agar yozuv kemtik bo‘lsa,
Gunohim ko‘p, gunohim ko‘p.

Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:42:46
DARBADARLAR
Qaysi bir kun darbadarlar,
Yig‘ildilar bir joyga.
Olishdilar, solishdilar,
Kim qo‘yar olov choyga?

Qay bir ahmoq ot o‘ynatdi,
Shoh deb tanitdi o‘zin.
Tangridan zor yig‘lab so‘qir,
Ishqalar shilpiq ko‘zin.

«Hoy qo‘ysang-chi, Xudo ham yo‘q,
Haqiqat yo‘q biz uchun.
Falonchining qorni ham to‘q,
Aroqdan olar o‘chin.

Men aroqni hech ichmasdim,
Qasd qilib o‘z jonima.
Agar javobin topsaydim
Qiynagan vijdonima».

«Hoy faylasuf, qo‘ygin dodni,
Olim bo‘b qolding , "œkasal".
"œGovkallaga" qo‘y vijdonni,
Bir kuni qiladi hal.

Dunyo ishi aroqlardan
Boshlanmaydi hech qachon.
Hech bir zamon sayoqlardan
Xoli bo‘lmagan jahon.

Bizga qarab amaldorlar,
Dahshatga qo‘l urmaydi.
Bizga qarab kambag‘allar
Ishsiz bekor yurmaydi.

Bilsang, zamon soatining
Cho‘g‘dek kapgirimiz biz.
Topilmagan haqiqatning
Xuddi topqirimiz biz.

Bizning ham o‘z falsafamiz,
Yashash qoidamiz bor.
Har zamonga moslashamiz,
Telba oilamiz bor.

O‘tgan kuni AZOB edim,
O‘zni qayta quraman.
Mana shirkat ochib bugun
Gerdayib ham yuraman.

Bu ham bir gap bugun kunda,
Ko‘p ko‘rganmiz qiyosin.
"œKommunizm", aslin olsak,
Darbadarlar hayoti».
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:42:52
* * *
Daqiqalar uchib ketmoqda,
Sanab bo‘lmas soniyalarni.
Umr qisqa, degani haq gap,
Ma’lum emas bu sarob narxi.

Yurakdagi mudragan sabot,
Bezak emas — umr daftari.
Oxirgi bor deganda "œhayhot",
Kor qilmaydi dunyoning zari.

Quvib chiqmay hayot gulshani,
Chovush olsin ko‘ngil domini.
Qabul qilmay bu olam shohi,
Boy bermaylik lazzat jomini.

Shunda hayot go‘zal bo‘ladi,
Shunda baxtli o‘tadi har on.
To‘kiladi dunyoning dardi,
Yuragingda qolmaydi armon.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:43:00
* * *
Dil o‘zi bir bo‘ston ekan,
Men uni sayr ayladim.
Umidlarim misli tikan,
Sanchilib jabr ayladi.

Tun g‘ubori dilga botmas,
Tushlarimda g‘unchalar.
Tush ko‘rmasam tonglar otmas,
Ro‘yo shirin shunchalar.

Saharlarda shaharlarni
Orziqib sayr ayladim.
Tushlarimda ne zarlarni
Mardona xayr ayladim.

Dil o‘zi bir bo‘ston ekan,
Ro‘yolarning makoni.
Shu ro‘yoga singib ketgan,
Har bir inson imkoni.
07.08.96.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:43:12
DUNYO GO‘ZAL

Dunyo go‘zal, dunyo beshafqat,
Qayda bo‘lma topadi doim.
Go‘zallikni ko‘rsatib faqat,
Shafqatsizlik qilar muloyim.

Dunyo sokin, dunyo tashvishli,
Hayot sahni sahnadir tekis.
Mitti yurak jizg‘anak pishdi,
Ulgurmadi ko‘rsatib bir his.

Dunyo tashvish, dunyo o‘tkinchi,
Ulgurmaysan uh chekishga ham.
Yog‘och otni o‘ylamay min-chi,
Gunohlaring bo‘ladi hamdam.

Dunyo — shirin, g‘urbati achchiq,
Shirinlikka aldanar bola.
Eshigingdan nafsing tiyib chiq,
Yetolmasang qilmagin nola.

Dunyo — kitob, Tangri bitigi,
O‘qiy desak savodimiz yo‘q.
Yelkalarda tashvish etigi,
Ta’qib qilar ajal degan o‘q.

Dunyo go‘zal, dunyo bir shirin,
Yeb to‘ymaysan, ichib to‘ymaysan,
Yechimi yo‘q bu dunyo sirin,
Yecholmaysan, ammo tinmaysan,

Dunyo go‘zal, dunyo beshafqat..
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:43:30
* * *

YER CHAYQALIB TURADI HAMON

Yer chayqalib turgan bir zamon,
Amudaryo Sirga quyilgan.
Buni eslar odamlar hamon,
Bu yolg‘onday chog‘i tuyulgan.

Yer chayqalib turgan bir zamon,
Sirning suvi hazarga singgan.
Bundan yoqa ushlagan inson,
Ko‘rmoq bo‘lib ko‘zlari tingan.

Yer chayqalib turgan bir zamon,
Urushlarda qon — daryo oqqan,
To‘xtatolmay urushni hamon,
Insonlarning yuraklari qon.

Yer chayqalib turgan bir zamon,
Quyosh nuri yerga yetmagan.
Shundan inson dilida armon,
O‘zi bilan go‘rga ketmagan.

Yer chayqalib turar har zamon,
Bu Tangrining ilohiy kuchi.
Yer yuzida armon ko‘p hamon,
Men armonni inkor etguvchi.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:43:38

LO‘TTI FALSAFASI

O‘z-o‘ziga madhiya aytib,
O‘zin maqtab yashaydi inson.
Borar joyga bormasdan qaytib,
O‘z o‘zini aldaydi hamon.

Falsafalar o‘ylab topadi,
Kitoblarni qilar ixtiro.
To‘g‘ri kelsa, do‘stni sotadi,
Vatanidan qiladi judo.

Bir qo‘lida mehri saxovat,
Bir qo‘lida hamisha shamshir.
Chap ko‘zida yonsa adovat,
Titrab turar o‘ng ko‘zi harir.

Men ham shular zotidan netay,
Savollardan yurak g‘amxona.
Odamzodni yaratsa Xudoy,
Chaqaloqni tug‘adi ona.

Bu men yetgan laqma falsafa,
To‘rt dinga ham sig‘mas aqida.
Sizga yoqsa ushbu xulosa,
Bo‘hton qilmang mening haqimda.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:43:55
* * *
Men baribir olovparastman,
Qalbimda bor olovning tafti.
Siyqalanar tepamda osmon,
Ardoqlaydi quyoshning kafti.

Muk tushaman "œOllohu akbar",
Xitoblarim tunda muallaq.
Tangri menga yetkargin xabar,
Tangri qavmi — biz qadimiy xalq.

O‘z tarixin izlab topmagan,
Beruniyning ko‘z yoshimiz biz.
Enasoyda tosh bo‘lib qotgan,
Ming Samandar, Chin, Shoshimiz biz.
 
Jahon ahli qovushsa hamdam,
Tarix qa’rin titkilasa bot,
Bizsiz u ham bosmaydi qadam,
Ha, turkiylar mangu barhayot.
12.04.97
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:44:02
* * *

Nega daraxtlarga jon berding, Samo,
Nega barglarini bo‘yading yashil.
Nega insonlarga aytib alvido,
Umrbod ketmoqni aylading tashkil.

Qon bilan jonimga joylashib olgan,
Sening bu tuhfang-ku mendagi hayot.
Ming bor tomirlarga bog‘lanib qolgan,
Meni odam qilgan ushbu hissiyot.

Ipsiz muhr bilan bog‘lading meni,
Dunyo lazzatlari atalmish dardga.
Igna ham bermaysan ketmoqlik kuni,
Azroil chekarmish imzoni shartga.

Men nega haqsizman, huquqim ham yo‘q,
Kechir, kechir, demoq buyurgan sharting.
Ollohim kechirgin sendan ko‘nglim to‘q,
Asli in’om erur har bitta darding.

Muk tushib poyingga yig‘lamoq uchun,
Seni izlayverdim, yugurib yeldim.
Uyqudan tug‘ olib sen tomon har tun,
Zulmat makoningga va oxir kelgum.
07—08. 04. 2002
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:44:09
* * *
Ongim mukammaldir, sig‘indim unga,
Xohish ishtiyoqim — shayton vasvasi.
Sig‘inmam bu olam, dunyo-yu dunga,
Tanam emasdir-ku  ko‘nglim buddasi.

Namozda yukundim onggim oldida,
Tiz cho‘kib topindim senga tafakkur.
Dunyo lazzatlari ortda qoldi-da,
Ilk bor sig‘inchlarga keltirdim kufur.

Dunyo makkasiyu madinasi men,
Men o‘zim Ollohning sevgan farzandi.
Machitu cherkovu ehromu sanam...
Hammasiga men, men-ku arzanda.

Ikki ko‘z olamni ko‘rmoqlik uchun,
Ikki quloq olamdan xabar oladi.
Tanamni to‘qqiz bor ushbular bugun
Sig‘inch va sog‘inchga olib boradi.

Dunyo tafakkurdan olarkan saboq,
Demak men tafakkur farzandi azal.
Dinu payg‘ambarlar bo‘lolmas guvoh,
Birgina Ollohni aytaman go‘zal.
20-21. 03.2002.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:44:56
* * *
O‘zim bu dunyoning o‘zagi, xilqat
Yuragim Ka’bayu, ko‘zlarim ummon.
Basharlar yonimda falakdir faqat,
Men na shoirmanu va na chin dehqon.

Qiyomat kelmasdan yelkamdan olib,
Quvvayi hofizam tutar savolga.
Qil ko‘prik — vijdondan o‘tolmay qolib,
Dil seni bukmayin o‘xshatib dolga.

Kimdir koinotga ot qo‘yadi zap,
Men-chi... yuragimga yetmaydi kuchim.
Foyda, haq, nohaqdan ketganida gap,
Yuragim to‘la qon, yo‘qdir bir yechim.

Manglay ajinlarim, o‘tmish tarixi,
Yurak tomirimga qonlarday bitgan.
Faqat bashar onggi uning tazkiri,
Varag‘u sahfalar o‘qilmay qotgan.

Ezgu haqiqatga umidvor yashab,
Jonli bu hayotning buyuk misoli,
Seni tangri tanib qilaman tavob,
Tabiat — hayotning yakka Xudosi.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:45:01
* * *
O‘z ruhimga o‘zim sig‘indim,
Shakkokligim yo‘l bermadi, voh.
Sajdani ham omonat bildim,
Olloh o‘zing eng qodir guvoh.

Zardo‘sht so‘zi ezgu niyatim,
Fikrlarim tarqoqdir faqat.
Zakiy bo‘ldi amaliyotim,
Bila turib qildilar tuhmat.

Men nidoni tark etmadim hech,
Yolg‘on aytib yolvorgan bo‘ldim.
Aybim bitta: yig‘lab erta kech,
Zar, zaqqumga limmo-lim to‘ldim.

Birdan ruhim ingradi shunda,
Sajda qil deb ovoz chiqardi.
Ziyosi yo‘q qorong‘i tunda,
Shart to‘kildi dilimning dardi.
01.07.2004
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:45:08
* * *
So‘z agar aqldan tikmayin alam,
Qalamga olinsa sinsin u qalam.
Xusrav Dehlaviy
Qalam olib yozmoq bo‘ldim navolarni,
Umr bo‘yi izlab keldim donolarni,
O‘z qalbingni izla dedi har bir olim,
Rozi bo‘ldim lek topmadim davolarni.

Har kimsaga ergashmoq bu oson ekan,
Ergashuvla o‘zin topmas olim degan,
Bir kun o‘zim oyog‘imdan oldim o‘zim,
O‘z yo‘lingdan borgin, dedim, Olloh bergan.

Ilk qadamim dadil chiqmay shubhalandim,
Sekin-asta donolardan madad oldim,
Hali-hamon yo‘l paypaslab bormoq ishim,
Katta yo‘lga chiqqanimni bilmay qoldim.

Atrof, jahon nodonlarga ochiq kitob,
O‘qimaydi hech bir kishi aylab shitob,
Kun varag‘in yirtib otdim men ham tinmay,
Vaqt qahriga berolmadim men ham bir tob.

Umrim cho‘g‘in his etibman oltmish yoshda,
Go‘zallikni qiyos qildim qalam qoshga,
Yoshlik, deya yo‘qotganim izlamadim,
Chidab berdim kulfat tushsa aziz boshga.

Umr o‘zi biz izlagan baxt ekan bir,
Yashab undan lazzat oldim biri kamdir,
Bu olamning birkamligin bilgan kunim,
Umrim mag‘zin bilgan onim o‘shal damdir.
Bolalarim yig‘lab-yig‘lab vido qilgay,
Men darveshni silsilada bo‘g‘in bilgay,
Mendan qolgan nasihatga quloq tutsa,
Ularning ham umrlari ravon bo‘lgay.
22—24.02.2005.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:45:15
* * *
Qatra suvda qayd etilgay
Qiyomatning qiymati.
Payti kelsa sayd otilgay,
Bu taqdirning qismati.

Falak, sayyod tuzog‘ida
Chiqmagan jondan umid.
Hayot kechmish bu bog‘ida,
Bir butun dondan umid.

Boshi berk o‘rmon ichinda,
Men na saydu sayyodman.
Bu omonat qatra jonda,
Na unut va na yodman.

Qo‘ysa tarix oxir qadam,
Do‘zax yuzini dod qil.
Men kabi mushfiq bir odam
Jannatiy, deb obod qil.
29.12.2003.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:45:20
* * *
Hayot mujassamdir bir tomchi suvda,
O‘shal biz izlagan mukammal hayot.
Qanchalik quvmaylik ul hayot quv-a
Bizni aldab chorlar so‘ngsiz sayohat.

Dashtda tegirmon ham qolmaydi suvsiz,
Hayot o‘z sarobin berib turadi.
Tinmayin tug‘ilar go‘daklar chuvsiz,
Onaning hislari javlon uradi.

Sassiq alafning ham hidi yoqimtoy,
Qay bir darrandayu parranda uchun.
Har kuni sayr qilar osmondagi oy,
Yuraklar o‘t olar tegsa bir uchqun.

Aslida bu uchqun ilohiy bir kuch,
Shul sabab olovga sig‘indi bobom.
Ammo aytgin menga xayol nega puch,
Ne sabab bo‘shliqqa xayollar hamdam?

Bu yolg‘on hayotni Sino davolab,
Davosin topmadi ingradi nido.
Balki sen bilarsan zino nomli lab,
E, meni kechirgin, kechirgin, samo.
3.III. 96
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:45:26
* * *
Hayqirib dunyodan o‘tdi zamonlar,
Odam izlayverdi o‘zini o‘zi.
Tiz cho‘kib tavallo qilgan u damlar,
Osmonda ko‘rindi Tangrining ko‘zi.

Hali Tangri so‘zi topilmagan payt,
Odam ishonchini uzmadi undan
Osmonga iltijo qilaverdi? Ayt ...
Va ilk bor xabarlar keldi ilk dindan.

Qorong‘u dahshatga soldi bobomni,
O‘shal payt yukindi u qora tunga.
Qalbiga sig‘magan bu dahshat g‘amni,
Aytmoq istar edi tanish odamga.

Yupatmoq istagan topildi shaxslar,
U iloj topmadi oqqan ko‘z yoshga.
Buddalar, balballar, shomon, payg‘ambar...
Yo‘q, bobom ishondi yakka quyoshga.

Hamon izlab kelar Ollohni odam,
Mening ham qaynalar ko‘pirib qonim.
Jannat, jahannamga aylanar xonam,
Tangriga ayonku ishonch, iymonim.
23. 12. 2000
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:45:32

* * *
Har qalay o‘t yoqib taft berdi falak,
Tog‘larni yig‘latib suv berdi aziz,
Daraxtlar ko‘kartdi, biz qildik kallak,
Yana vahshiylikni tan olmadik biz.

Shunda tars yorildi zamin qit’aga,
Qit’alar bosh olib ketdi bir-birdan,
Dunyoga to‘ymadik, ayladik ta’ma,
Voqif bo‘lmoq bo‘ldik ilohiy sirdan.

Dunyo ko‘zin ochdi, ma’danlar berdi,
Daraxtlar gulladi, pishdi holvalar.
Biz to‘ymay o‘rgandik zeru zabarni,
Dunyoni to‘ldirdi bitmas g‘alvalar.

Shunda ayon bo‘ldi qodir iroda,
Rost chiqdi tepada bitilgan taqdir,
Belgilab qo‘yildi yotmoq tor joyda,
Kengga keng-ku ushbu tor joy ham axir.
27.07. 2002
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:46:05
* * *
Ko‘zlarimdan halqa-halqa yosh to‘kib
Sodiq do‘st izladim, izladim sarson.
Oxir oqibatda ko‘z yoshga cho‘kib,
Dunyoning lutfidan kulaman hayron.
Gado o‘z holidan qilmaydi hazar,
Uning sodiq do‘sti — yakka ishonchi.
Men gado, holimdan kulaman zahar,
Tanamdan joy olgan dunyo quvonchi.

Bu dunyo dashtidan baxt izlamadim,
Balki, shundan erur hurlik holatim.
O‘zimga o‘zligim doim hamdamim,
Do‘st, deb adashganda yondim betinim.

Mayu mayxonalar hamroh tutishdi,
Dunyoni xo‘p kezdim, ochildi ko‘zim.
Ayoqim ichinda fikrim yetishdi,
Anglab yetganim shu — do‘stim men o‘zim.
25.04.07
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:46:11
* * *
Tunda tuynuk ochilib birdan,
Kirib keldi bir toza havo.
Kutar edim men uni har dam,
Dardlarimga bo‘lar deb davo.

Dardlar nomin izladim chunon,
Qayratimga lol qoldi quyun.
Ko‘zlarimga lov quyuldi qon,
Adolatni unutdim junun.

Birdan omad chap berdi shunda,
Quyuq g‘amdan chaqnadi ko‘zim.
Qora xona tim qora tunda,
Bildim aniq dushmanim o‘zim.

Men izlagan molu mulk, davlat,
Qalbimdagi bir siqim adam.
Yuragimda ungan  adolat,
O‘z ustimdan qilgan g‘alabam.
18.02.07
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:46:22
* * *
Dunyo, deb tamshandim, shirin ekan u.
Lazzat jozibasi tinmayin tortdi.
Meni maftun qildi dunyoning ko‘rki,
Ko‘rdim, mana shundan tashvishim ortdi.

Birin shirin dedim, birini go‘zal,
Biri tashvishlardan meni asradi.
O‘zimni yupatdim: "œTaqdiri azal,
Ko‘rib turiptiku, dunyo sarvari."

Ollohim, sen menga ixtiyor berib,
Arqonim bog‘ini uzunroq qo‘yding.
Ixtiyor, so‘ziga andarmon bo‘lib,
Gunoh tuzog‘iga oyog‘im qo‘ydim.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:46:29
* * *
Men afsona izlab yashadim,
Afsonalar ichida doim.
Afsonadan uzilgan kunim,
Afsonalar yitdi muloyim.

Chor atrofga boqdim ishonmay,
Dev, parilar kutdim samodan.
Jilg‘alardan suv ichdim qonmay,
Qanot kutdim tunlar Xudodan.

Bolalarday beg‘ubor osmon
Gumbaziga tikildim, zora,
Yulduzlardan terib bir hamyon,
Bechoraga aylasam chora.

Buvijonlar nevaralarga,
Ertaklarni kuylangiz tinmay.
Yetib kelgan ertaklar bizga,
Qullik hissi neligin bilmay.

Men ham aziz buvijonimdan,
Afsonalar eshitdim mudom.
Vatanimni sevib jonimdan,
Ertaklarda yashayman hamon.

Oh, ertakmas ekan bu hayot,
Har puchmog‘i sirotdan qaltis.
Ertaklarda uchgan bo‘ G‘irot,
Bu hayotda ucholmas olis.

Shuning uchun nabiralarni,
Hayotdan ko‘p uzmang bibilar.
Menga o‘xshab bu ertaklarni,
Zada aytib yurmasin ular.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:46:35
* * *
Men tushlarga inonmayman,
Inonmayman ro‘yoga.
Ro‘yolarni kuylab tinmay,
Sig‘may qoldim dunyoga.

Ro‘yo ekan muhabbat ham,
Ro‘yo ekan va’dalar.
Sevaman deb ichsam qasam,
Sevmaslar mendan kular.

Dunyo o‘zi tushmi asli,
Balki bizlar uyquda.
Yuragimda yorning ismi,
Yonarmanku behuda.

Kel, muhabbat tushlarimdan,
Uyg‘otib ol jonginam.
Men ham kechib ro‘yolardan,
Sen bilan bo‘lay sanam.
08.08.96
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:46:42

* * *
Men qishloqqa qaytar emishman,
Bayroq qilib yurakni bir kun.
Shaharlarda butun erishgan
Yutuqlarim bo‘larmish kukun.

Oxirgi bor yo‘lga chiqqanda,
Kuzatarmish sozanda shahar.
Nafosatin qilmayin kanda,
Qaytish kuyin chalarmish sahar.

Uvillarmish o‘jar shamollar,
Taranglashib liftlar asabi,
Bozorlarda yotgan qovunlar,
Gung tillarda aytar kesati.

Tinglab ko‘rsam qaytish kuyini,
Yuragimda uvillaydi mung.
Yozilgan bu taqdir o‘yini,
Yechimsiz bir jumboqli tugun.

Vujudimning qonin qaqshatib,
Ayro tushib ketarmi tanam.
Harbir she’rim asfaltga tushib,
Shaharlikka aylanib ketgan.
23.10.99.
Nom: Re: Mahmud Yo’ldoshev she'rlaridan
Yuborildi: shoir 13 Mart 2008, 10:46:49
* * *
Adashgan bandangni kechirgin o‘zing,
Qilgan xatolardan toshdayin qotdim.
Hamma ayblarimga sababchi o‘zim,
Ammo xatolardan men seni topdim.
01.05.07