forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 29 Iyul 2008, 12:02:20

Nom: XXI asr she'riyati: Baxtiyor Bobonov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:02:20
XXI asr she'riyati:

Baxtiyor Bobonov

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/baxtiyor_bobonov.jpg)


SOG‘INSANG AGAR...

O‘zingdirsan sodiq yo‘ldoshim, —
Yurak! Tonglar behuda yonma,
Birga tog‘dek g‘ovlardan oshdik,
Bir arzimas gapga o‘rtanma!
Biz manmanlik hissidan xoli
Har odimda o‘rtandik-yondik,
Soch-ovozi mayin Ayolni
Devonalar bo‘lib qizg‘ondik!
O! Ko‘rdik-ku biz qitmirlarni, -
Kun berishmas hatto uzlatda...
Bijg‘igan bu ichi kirlarni
Endi qaro go‘r ham tuzatmas!
O‘zingdirsan sodiq yo‘ldoshim —
Yurak! Tunlar behuda yonma.
Birga tog‘dek g‘ovlardan oshdik,
Bir arzimas gapga o‘rtanma!
Kerak emas bizga tahsinlar,
Uchmasak bas puch shonlariga!
Haqimizda ne demasinlar —
Havoladir vijdonlariga...
Omadsizlik qismati birla
Endi bizni qo‘rqitolmaslar!
Yonib-cho‘qqa aylangan yurak
Hisob bermas tutagan xasga.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Baxtiyor Bobonov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:02:50
MITTI YULDUZ

O‘zbekiston Qahramoni
Abdulla Oripovga



Farah ila boshlanmoqda
Bizning kecha.
So‘nayotir ufqning qirmiz
Shafaqlari,
Bu kech oyning balqishlari
Bir o‘zgacha...
Qara, ko‘kda mitti yulduz
Charaqladi!

Hayal o‘tmay she’r arshlarni
Tutib ketgay
Xira, yorqin yulduzlarning
Jilvalari,
Mushtoq elim! Tashna bag‘ring
Gulzor etgay
Yulduzlardan engan ash’or
Shu’lalari...

So‘ng istagan yulduzingni
Tanlayvergin:
Nazmiy osmon nurlarini
Tamshanib ich.
Illo, oydin kechamizni
Boshlab bergan
Mitti yulduz jilvalarin
Unutma hech!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Baxtiyor Bobonov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:03:04
*  *  *

Kechgan asriy azoblardan so‘ng
Bog‘landim qo‘l telefoningga!
U qish tongi aytganlarimning
Biror so‘zi yo‘qdir yodimda.
Ehtimolkim, men botinolmay
Aytgandirman pala-partish so‘z...
Ammo, u chog‘ zarra tin olmay
Gap suqardi Qalb murosasiz,
U, ayt derdi, tuyganlaringni —
Darding ichga yutding-ku yillab,
Aytmaysanmi, kuyganlaringni —
E! Xayf senga mendek yoniq Qalb!
Bo‘l! Yo‘l berib fevral qorlari
Qotmishlar oq bulut shaklida,
Qoq chillada arsh bahorlanib
Kun balqmish oq umid shaklida!
Aytgil! Axir, charxi gardunda
Abadiyan yashamaysan-ku,
Ul bokira xilqat dardida
Tunlar bejiz g‘ashlanmaysan-ku!..
...Gulim! Bo‘zrang qor uyumidan
Ko‘z uzmay, Qalb so‘zin tinglayman,
Aytay desam — bu yoqimli dard
Ne ekanin o‘zim bilmayman...
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Baxtiyor Bobonov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:03:35
QISH SONATASI YO TUYG‘UN SASLI

Zulxumor Mo‘minovaga ehtirom

Qor aralash sariq-sariq
Barglar yog‘di,
Sariq barglar tunlar yog‘di,
Sahar yog‘di...
Darak berib vasli ishqu
Totli qishdan
Yuragimga sevgi otlig‘
Dardlar yog‘di!

Gullar yoqqan bahorlarda
Qayda eding,
Yurganmiding sahrolarda,
Oydamiding?
Meni quldek bandi aylab
Puch tashvishlar. —
Qo‘shilib shod oqimlarga
Shodon oqdim...

Illo, mudom noaniq dard
Qiynar edi,
Suyanganim-qorday begard
O‘ylar edi...
Tun yarmida qoq bo‘linsa
Oppoq tushlar, —
Mum tishlagan yulduzlarga
Hayron boqdim.

Hurim! Qoru sariq barglar
Yoqqan chog‘da,
Yuragimni sariq bargga
Qo‘yding bog‘lab!
Tole ilk bor kulgan edi...
Yovuz qismat
Hislarimni xazonlarga
Qo‘shib yoqdi!

Qor aralash sariq-sariq
Barglar yog‘di,
Sariq barglar tunlar yog‘di,
Sahar yog‘di...
Baxtiyorni judo aylab
Totli qishdan
Yuragiga hijron otlig‘
Dardlar yog‘di!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Baxtiyor Bobonov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:03:52
PARIJGA XAT

O‘g‘lim Shohruhga

Toshkent bahorini sog‘insang agar,
Bulon o‘rmoniga borib o‘ltirma!
O‘g‘lim, qo‘ng‘iroq qil qirovli sahar,
Mening sog‘inch to‘la ovozim birla
Xonanga rayhonu nastarin borar!

Toshkent suvlarini sog‘inib qolsang,
Sena sohilida o‘ylanib turma!
O‘g‘lim, qo‘ng‘iroq qil bulutli shomlar,
Mening sog‘inch to‘la ovozim birla
Bo‘zsuvning sharqiroq mavjlari borar!

Toshkent taronasin sog‘insang juda,
Telba ohanglarni tinglab qayg‘urma!
O‘g‘lim, qo‘ng‘iroq qil dilsiqar tunlar,
Mening sog‘inch to‘la ovozim birla,
O‘zbek to‘ylarining avjlari borar!

Toshkent jome’larin sog‘ingan chog‘lar
Eyfel minoriga asti bosh urma!
O‘g‘lim, qo‘ng‘iroq qil dimog‘ing chog‘lab,
Mening sog‘inch to‘la ovozim birla
Do‘stlarning duoyi ganjlari borar!

Toshkent maydonlarin sog‘ingan oning
G‘alaba arkida talx o‘ylar surma!
O‘g‘lim, qo‘ng‘iroq qil erkdan quvonib,
Sening g‘urur to‘la ovozing birla,
Dilimdan g‘ussayu g‘am arib borar!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.