forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 29 Iyul 2008, 12:50:04

Nom: XXI asr she'riyati: Abduazim Qobilov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:50:04
XXI asr she'riyati:

Abduazim Qobilov

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/abduazim_qobilov.jpg)


...GA

Taqdirning daryosi ko‘rsatdi o‘yin,
Suzdik dolg‘alarga hissiz qorilib.
Qismat chalganida ayriliq kuyin,
O‘ngu so‘l qirg‘oqqa ketdik burilib.

Oyu kunlar o‘tdi, oshishib dovon,
Bir-birin shiddatli, ayovsiz quvib.
Ikkita manzilda turibmiz hayron,
Armon deb atalmish yomg‘irda ivib.

Hijron sinoviga berolmasdan tob,
Ba’zan talpinaman visoling tomon.
Bilmasman, bu ishim gunohmi-savob?
Ko‘nglimni orzusi yaxshimi, yomon?

So‘ngsiz savollarga topolmay javob,
Vaslingni sog‘inib yashayman har on.
Seni eslamoqlik men uchun azob,
Senga intilmoqlik istagim hamon!

Chorak asr o‘tdi, bir kundek go‘yo,
Shuncha yil yashadim seni sog‘inib.
Shuncha yil sohilda kezaman tanho,
Armon yomg‘irida tinimsiz ivib.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abduazim Qobilov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:50:20
QIZIM UMIDAGA TILAKLAR

Birinchi qo‘ng‘iroq, jonajon maktab,
Ulkan orzularing qanoti bo‘lsin.
Bepoyon vataning, yurtingni maqtab,
Kelajak hayoting shodlikka to‘lsin.

Mehribon ustozlar o‘rgatgan bilim,
Oftobdek yoritib tursin yo‘lingni.
Gullasin ona-yurt, bor bo‘lsin eling,
Baxtu-omad hamisha tutsin 
 qo‘lingni!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abduazim Qobilov
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 12:50:35
*  *  *

Ko‘zlaringda ikki tomchi yosh,
Chehrang uzra armonning izi.
Nahot senga g‘am bo‘ldi yo‘ldosh,
Yuragimning tanho, yolg‘izi.

Ayriliq goh qalbingni ezib,
Dilginangni ayladimi tor?
Yuzlaringga ajinlar chizib,
Xafa qilib, berdimi ozor?

Hayot achchiq sharobin tutib,
Ko‘zlaringni namlaydi hamon.
Ko‘nglim esa bir sado kutib,
Talpinadi doim sen tomon.

Davom etar taqdirning ishi,
Sinar bizni har soat, har kun.
Ba’zan ojiz qoladi kishi,
Azoblarga topolmay yakun.

Dunyo o‘zi aslida bir kam,
Yig‘lamagin, daryodek toshib.
Yoshlaringni artish-chun erkam,
Kipriklarim bormoqda shoshib!

"Yoshlik" jurnalidan olindi.