forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 29 Iyul 2008, 14:42:29

Nom: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:42:29
XXI asr she'riyati:

O‘tkir Rahmat

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/utkir_rahmat.jpg)


BIR QUSH BOR...

Qushning xonishidan
Mast edi bog‘ ham,
G‘unchalar jilmayib
Bag‘rin ochardi.
Chehrasi yorishib
Hatto subhidam,
Uyg‘ongan ufqdan
Nurlar ichardi.
           
Sehrli navodan
O‘rtandi bag‘ir,
Hayajon shodlanib
Izmiga oldi.
Men ipsiz bog‘lanib
Shu qushga oxir,
Tuzoqlar qo‘ydimu
So‘ng tutuvoldim.

Suv bersam  beparvo,
Donga qaramas.
Tumshayib qafasda
Betobday yotdi.
Yolvorib so‘z aytsam
Javob ham qilmas
Bu holat  qalbimga
Tikonday botdi.

Qo‘l silkib o‘rnimdan
Turdim shu zahot,
Taqdirda ne bo‘lsa
Ko‘rasan, dedim.
Yashashni istasang
Mana don — ovqat,
Sen shunda sayraysan,
Turasan,   dedim.

Qarasam, bir kuni
O‘sha mitti jon,
Alanglab, yutoqib
Suvni  ichardi.
Qafasga bosh urib
So‘ng titkilab don,
Qanotin yozgancha       
Sayrab uchardi.

Quvonchim  yayradi,
Huzur qildi jon.
Murodu maqsadga
Erishgan edim.
Hattoki  kuylarkan
Yaralsa  imkon,
Qafasda  qush  boqib
Men  shunda  bildim.

Vaqtning tizgini yo‘q,
Ushlolmaysan hech,
Tunu kun ketidan
Umr ham oqdi.
Don tutdim, suv berdim
Unga erta-kech,
Sayroqi qushchaga
Parvarish yoqdi.

Uchdi,
Uchaverdi
Charx urib tinmay.
Dilimni  yoshladi
Bir kun  nolasi:
— Shu mitti jonimga
Rahm  ham qilmay, 
Tutqunda saqlaysan,
Odam bolasi!..   

Qafasning darchasin
Ochdimu shu chog‘:
—Qani, uch bog‘ingga,
Sa’vajon, dedim.
Endi sen ozodsan,
Erkin qanot qoq,
Sayrashga, yayrashga,
Keng imkon, dedim.
         
Ko‘zlari yoshlandi,
Titradi nogoh,
Darchadan alanglab
Atrofga boqdi.
Chug‘urlab, chug‘urlab
Dilim o‘rtab oh,
Sarhadsiz bog‘ tomon
So‘ng qanot qoqdi.

Ozodlik...
Erkinlik...
Qanotga imkon,
Dil istar orzuga
Qovushtirar baxt.
Qushcha ham bog‘ida
Sayrab  bearmon,
Kenglikdan to‘ymayin
Uchardi faqat.

Tashvishlar qo‘ynida
O‘tdi kunlar ham,
Unutdim  qafasni,
Sayroqi jonni.
Voajab,
Bir kuni
Ertalab tursam,
O‘sha qush qafasda
Cho‘qirdi donni!
         
U mendan cho‘chimas
Xotirjam edi,
Munchoq ko‘zlarida
Yaltirardi nur.
Chug‘urlab o‘zicha
Nimadir dedi,
So‘ng boqqa uchdi u
Aytib  ming uzr.

Bog‘ida yayrardi,
Sayrardi tinmay.
Oshyonin bag‘rida
Tongni qilar shom.
Bilibmi  gohida,
Gohida bilmay,
Qafasda o‘tirib
O‘tkazar oqshom.
 
Ajab bu qanday hol,
Qanday sir edi?
Shu  qushga xudoyim
Bersin to‘zimni.
Kunu tun o‘ylanib
Yig‘lagim keldi,
Shu qushcha o‘rnida
Ko‘rib o‘zimni!..         
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:42:41
TO‘RTLIK

Oftobga ko‘p  qaraysan, maysa,
Suykalib soch taraysan,  maysa.
Shuni ham sen  ko‘rmagin mendan,
Bir kun vujud,  tilginang kuysa!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:47:59
KECHA...

Kecha tunda childirma,
To tongacha tinmadi .
Yulduzlar uxlamadi,
Uyqu ko‘zga inmadi.

O‘roqdayin yarqirab,
O‘rib ketdi neni oy.
Umrning bir oqshomin, 
Olib ketdi hoynahoy.

Omon chiqdi oqshomdan,
Ufq bog‘in bezatdi.
Oftobni quchog‘idan
Ko‘kka sekin uzatdi.

Borliq to‘ldi iforga, 
Jildirar suv — sirli kuy.
Go‘yo tundan tongacha
Bo‘lib o‘tdi bunda to‘y.

Yuzi yorug‘ xonadon —
Oftobidan ko‘ngli to‘q.
Adashmaydi yo‘lidan.
Xiyonatga o‘rin yo‘q!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:49:14
* * *
Tutqich bermaydi shamol,
Qaytmaydi o‘z yo‘lidan.
Yuguradi bemalol,
Ushlatmay o‘ng-so‘lidan.
 
Daraxtlarga urar bosh,
Ko‘chalarda tentirar.
Tartibsiz u — bir  bebosh,
Doim tashvish keltirar.

To‘zib ketar dala-bog‘,
G‘uborlanar to‘rt tomon.     
Bulutga bosh tutib tog‘,
Yig‘lay boshlaydi osmon.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:49:47
SARDOBA

Kishnayotir go‘yoki otlar,
Soyalaydi horigan karvon.
O‘yga  cho‘mib tanishu yotlar,
Sirlashadi orzuyu armon.

Yo‘lovchining yo‘li ham uzoq,
Nafas rostlab erkalanar jon.
Bir tomonda mizg‘isa charchoq,
Yo‘lga tushar boshqa bir tomon.

Muqim bo‘lib qolmagan bir kas,
Kimlar kelib, kimlar ketmagan.
Dil istagi — bu manzil emas,
Birov yetgan, birov yetmagan.

Yo‘lovchi ko‘p axir dunyoda,
Ketayotir oldinma-keyin.
Biri  otda, biri piyoda,
Yelkalab u g‘am, tashvish o‘yin.

Chorasizga madad bu maskan,
Dargohida hamma ham mehmon.
Bizdan avval bobolar o‘tgan,
Endi esa bizniki bu on.
Ertaga...
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:50:56
*  *  *

Sherman deya guldiraydi u,
So‘zlaringni  yulib oladi.
Zimdan qarab qo‘yadi kulgu,
Sabr-toqat cho‘kib qoladi.
   
Ko‘tarmaydi andisha ham bosh,
Gap qaytarmay tinglaydi hurmat.
Titrab turib pinhona  bardosh,
O‘z-o‘ziga tilaydi shafqat.       
   
Xayolingga ergashasan jim,
O‘rmon bo‘lar shunda namoyon.
Hozir buni bilmaydi hech kim:
—Ro‘paramda nahotki hayvon?!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:51:39
*  *  *

Shamol kabi gardlar qo‘yningda,
Gohi qorday nafasing sovuq.
Girdob kabi bu  o‘yiningda,     
Dard chekmayin qolmaganlar yo‘q.
   
Duch kelmasam senga koshkiydi,
Uchib ketsam aylanib qushga.
Nigohlaring toshga tushsaydi,
Mendan oldin aylansang tushga!   
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:53:17
*  *  *

Yo‘ling shundan o‘tadi, netay,
Nigohingdan sachraydi otash.
Bu zahar-u zaqummi,  atay —
Balki dilni yondirib tashlash.

Rosti, tushga kirmaysan hatto,
Xayollarim joy ham bermaydi.
Sen bu yerdan o‘tganda nogoh,
Omadim ham sira yurmaydi.

Bardoshlar tishlab ko‘cha gungalak,
Befarq yotar poying ostida.
Umr — turfa,
Qismatlar halak,
O‘tar zkan uning ustidan.

Afsus sabrim yemira boshlar,
O‘rmalaydi tomirlarda qon.
Tosh tishlagan ko‘cha dil g‘ashlar,
Tipirchilar umid chalajon.
       
Tizilishib daraxtlar qator,
Osmon boqar beparvo, beg‘am.
Qayrilib ham aqalli bir bor,
Ko‘ngil so‘rab qaramaydi ham!

Bunga chidab bo‘lmaydi axir,
Siqa boshlar bo‘g‘zimni  nafas.
Mitti qushin sayratgan bag‘ir,
Metin kabi yaralgan emas.

Qiynaladi bosh urib yurak,
Ko‘ksimdan yo‘l izlar tinimsiz.
Aytgin, bunday yashash ne kerak,
Bu ne tuyg‘u qiynar ismsiz?

Umr o‘tar yasharkan hayot,
Manzilingga bir kun yetarsan.
Lekin dilim yaralab nahot,
Bu olamda nima yutarsan?
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:54:06
*  *  *

Ohista tushadi oppoq lahzalar,
Hali toptalmagan  beg‘ubor, shaffof.
Oyog‘i ostida ayoz   o‘ralar,
Oqarib boradi dala-yu atrof.

Oftob ham  yuzini ko‘rsatmas axir.
Oy qayda?
Sovuqdan qochib botgandir.
Oq ko‘rpa yopinib yotgan  bu bag‘ir,
Bahorni tush ko‘rib  yig‘lab yotgandir.

Charchamas izillab chopgan izg‘irin,
Chavandoz mingan ot oldga yo‘rg‘alar.
Qaydadir itlar ham  uvillar hazin,
Qo‘zg‘alib qo‘yadi bog‘da  qarg‘alar.

Bu qorli oqshomda ajib bir holat,
Borliq ham beparvo  buning bariga.
Osmondan yog‘adi oqliklar behad,
So‘ng yorib  kiradi tunning  qa’riga!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:57:00
*  *  *

Xayr, dedim,
Ko‘zim yoshlandi,
Demak firoq endi boshlandi.
Sog‘intirib tonglar otgaydir,
Toliqqandan oftob botgaydir.

Vaqt nima u,
O‘tar  zuvillab,
Hayot qaynar hamon guvillab.
Qorachug‘lar tortarkan xira,
O‘zing bilan qolar xotira!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 14:57:41
QIYOFA
 
Nigohining usti yaltiroq,
Qa’rida-chi — sirli bir o‘yin.
Yaltoqlanib jilmayar, biroq,
Har dilga yo‘l topishi tayin.

U makkorning sehri juda zo‘r,
O‘psa bo‘ldi huzur qilar jon.
Iymonliga tashlangan bir to‘r,
Vijdonsizga berilgan imkon.

Ilondayin avraydi jonni,
Rishtalarda o‘rmalar go‘yo.
Ko‘zin boylab vijdon, iymonni,
Puch yong‘oqqa aylar mahliyo.

Erkalanib boradi vujud,
Ko‘piradi, to‘lib-toshadi.
Qanotlanib uchar goh behud,     
Goh manzil yo‘q yo‘lga shoshadi.

Qanotsizu ammo qo‘nolmas,
Oyog‘lari tegmaydi yerga.
Yolg‘onlarning quchog‘ida mast,
Ketayotir bilmas qaerga!

Bu ko‘rgulik,
Shunchaki taqdir,
Takrorlanar millionlab da’fa.
Vujud tag‘in haqirdan haqir,
Kundan kunga masrur qiyofa.   
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Rahmat
Yuborildi: shoir 29 Iyul 2008, 15:01:45
*  *  *

Huvillar dil uyi.
Bezovta tuyg‘u —
O‘ksinib qo‘yadi,
Bechora purg‘am.
Yolg‘izoyoq yo‘ldan ketib borar u,
Men izlagan mehr —
Unga tikilsam.

Beg‘ubor taftini jonidan istab,
Chorasiz bu ko‘ngil xo‘rsinar zimdan.
Umr ham yeladi otini qistab,
Nurlarin yashirib bir-bir ko‘zimdan.

Quvonchu dardlarni ko‘tarmoq og‘ir,
Dildirab yashar dil — mitti sayyora.
Malomat toshidan qiynalsa taqdir,
Tunlar ham uxlamas, kunlar ovora.

Nachora,
Neligi o‘zimga ayon,
Shovqinli  shaharning ko‘pdir o‘yini.
Gohida adashib yuz burar imkon,
Gohida do‘stning ham bo‘lmas tayini.
           
Izlaysan,
Qani u — nurli kulgisi,
Oftobday nurafshon samimiy tuyg‘u.         
Umrning yo‘llari  uzun bo‘lgisi,
Qalbingda chirog‘lar yoqib tursa u.

O‘rtanib ketar goh yuraging axir,
Olis bolalikka tashlasa nigoh.
Erkalab borlig‘ing aylaydi asir,
Parqu bulutlarga yonboshlab nogoh.
   
Kechgan u ko‘chalar beg‘ubor changi,
Ming bora avlodir hasad va kindan.
Shabnamga yuz yuvgan o, yoshlik tongi,
Bebaho ne’mati hayotning chindan.

Misoli ko‘ylagin kiyib qizg‘aldoq,
Shamolga suykalib erkalanganday.
Qiru adirlarda sochib ol bodroq,
Ufqlarga borib tilkalanganday...
         
Nima ham der edim.
Bilganlarim shu —
Ko‘nglim ham chopmaydi biror so‘z desam.
Yolg‘izoyoq yo‘ldan ketib borar u,
Men izlagan tuyg‘u —
Unga tikilsam.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.