forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 30 Iyul 2008, 12:23:51

Nom: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Alimov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 12:23:51
XXI asr she'riyati:

O‘tkir Alimov

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/utkir_alimov.jpg)


JUDOLIG‘ DASHTI

Orzular ko‘milib, singdi tuproqqa,
Bir so‘z demoqlikka  chidolmadi lab.
Qalbimni qo‘ltig‘lab ketding yiroqqa,
Bir kuni baribir kelasan izlab.

Toshlar taskin berar tog‘lar g‘amiga,
Orzular qimtinib, dilga cho‘kdi shon.
Tomchi yosh guvohdir ko‘zlar nomiga,
Qaydanam o‘zingga qilding meni rom.

Yulduzsiz osmonning ahvoli xarob,
Izlayman izlaring, ko‘rinmas hech iz.
Qayga boray desam manzilim sarob,
Judolig‘ dashtida yolg‘izman, yolg‘iz.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Oʻtkir Alimov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 12:24:10
OLISDAGI OSMONIM

O, tanish iztirob,
Qadrdon g‘ussa,
Ko‘nmaganda ko‘ngil
Ko‘rdim demasdi.
Bilmaysan,
Dunyoda hech qaysi ruxsor —
Qalbimni senchalik
Olgan emasdi.

Bir g‘ulu ko‘ksimda
Tentiraydi jim,
Iroda etishga berolmam nisbat,
Qalbimning qoyasin
Ko‘zlagan edim,
Qaqragan sahroni
Berdi sho‘r qismat,

Dardimni ololmas,
Bitmas toju taxt,
Na shifo beradi,
Zamzam bulog‘i.
Qani men izlagan Asl muhabbat.
Hayot aldovlardan iborat chog‘i.

Suvratim sokin-u,
Siyratim ildam,
Tog‘larda eshitib yig‘laydi ohu,
Ayriliq yoshiga
To‘ldi bu diydam,
Yolg‘izlik qasrida manguman yohu...

"Yoshlik" jurnalidan olindi.