forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 30 Iyul 2008, 12:29:32

Nom: XXI asr she'riyati: Madina Muzaffarova
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 12:29:32
XXI asr she'riyati:

Madina Muzaffarova

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/madina_muzaffarova.jpg)


*  *  *

Kul rangli choyshabga yonboshladi kuz,
Shitirlab yopindi tilla rang ko‘rpa.
Ishq dardi eshkakni eshdi juda tez,
Daryo oqar edi misoli telba.

Oppoq par choyshabga yonboshladi qish,
Muzlarni ustiga yopindi qalin.
Ishq dardi to‘ngladi misoli kumush,
Daryoda eshkaklar eshilmas, sokin.

Yashil rang choyshabga cho‘zildi bahor,
Shirin xayol bilan burkandi gulga,
Ishq dardi eshkakni eshdi intizor,
Sevgi dil rozini yetkazdi yelga.

Qip-qizil choyshabga yonboshladi yoz,
Saraton harorat ufurdi shamol,
Eshkak yuzdi qaynoq to‘lqinlarda soz,
Ishqni eltib qo‘ydi qirg‘oqqa visol.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Madina Muzaffarova
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 12:29:43
*  *  *

Ketavergin. Faqat vaqt hakam,
Menga qo‘l cho‘zmoqqa shoshilma.
Bugun urf emas yalang‘ochlikni,
Yalang‘ochlik bilan yashirmoq.

Xazon bog‘ida sinar novdalar,
Qo‘l bermasman sog‘inchga faqat.
Tunab qolar bo‘m-bo‘sh shiyponda,
Iliq shamol bilan sukunat.

Barglarini yular-da yana,
Daraxtlarni yalang‘ochlar kuz.
Sevgi bois yo foyda ko‘zlab,
Qo‘ling menga soladi og‘iz?
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Madina Muzaffarova
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 12:29:59
*  *  *

Uyingning yonidan o‘tganda har gal,
O‘g‘rincha qarayman deraza tomon.
Ko‘hna Rim shahriga boqqanim misol
Yoniq nigohimni aylarman ehson.

Unutmog‘im mushkul: Sentyabr chog‘i,
Salqin oqshomniyu qo‘llaringni ham.
Qismatimga sepding bir shirin og‘u,
Ey mening ishongan aziz do‘stginam.

Oyoqyalang yurdim, gul tikonzordan,
Biroq sanchilmadi bitta ham tikon.
O‘tdim farishtalar yurgan qil dordan,
Shaytonlarni mag‘lub ayladim shu on.

Amr ila farmonu payg‘om, bashorat
Taqdirga ishora qilmagan zinhor.
Mening yuragimni tark etdi hayrat,
Ishqning cho‘risiga asli zavq darkor!.

His etmay qo‘yganman jon-tanni butkul,
Qo‘rqita olmaydi tungi vahima.
Mening torlarimni chertdi faqat yo‘l,
Sokin hayotimni aylab bezovta.

Yo‘l bo‘yida turgan uyingni nogoh
Unutsam, mutlaqo yo‘qdir tashvishim.
Sening borligingdan etadi ogoh
Xotirdan nuragan g‘ishtlar tovushi.

Uyingning yonidan o‘tyapman yana,
Derazangga qiyo boqmayman zinhor.
Ko‘hna Rimni etgan uchun xaroba,
Sanamayman endi hech kimni aybdor.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Madina Muzaffarova
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 12:30:20
*  *  *

Cholg‘uchilar, sham chiroqlar, sukunat...
Birgina musiqa yangraydi faqat,
Bunda soxta navo tegadi g‘ashga.
Qochib ketgim kelar uzoqqa, tashga.

U-chi polga ildiz otgandek turar,
Faqat dasturxonu qizlarni ko‘rar,
Atrofida yollari oq xotinlar,
To‘y chohini chuqur qazib yoturlar.

Cholg‘uchilar, shamchiroqlar, ravosiz...
Tabassumlar, iltifotlar... ma’nosiz...
Ortga nazar solmoq endi kech, vahm —
Begonalar ko‘zi boqar berahm.

Rus tilidan Rustam MUSURMON tarjimasi

"Yoshlik" jurnalidan olindi.