ZiyoUz - Haqiqiy o'zbekona forum

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 30 Iyul 2008, 13:23:42

Nom: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:23:42
XXI asr she'riyati:

Abdulla Oripov

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/abdulla_oripov.jpg)


VATAN FARZANDI

Goho yosh bolaga o‘xshaydi Vatan,
Sodda, norasida, pok va beg‘ubor.
To ozor yetmasin unga daf’atan,
Begona ko‘zlardan asramoq darkor.

Vatan ulug‘ pirga o‘xshaydi gohi,
Qo‘llagay, aritgay ko‘zdan yoshlarni.
Yursa tovoniga botmasin toki,
Yo‘ldan olib qo‘ying har xil toshlarni.

Kim uning xizmatin etolsa ado,
Ikki dunyoda ham bo‘lmagaydir kam.
O‘zini ta’masiz qildimi fido,
O‘sha zot Vatanga farzand chinakam.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:24:02
YOSHLIGIM

Olis qishlog‘imning ko‘chalarida,
Tuproqni changitib yurgan yoshligim.
Janubning yulduzli kechalarida,
Uxlamay xayollar surgan yoshligim.

Orzular qaygadir chorladi bir choq,
Ortda qolib ketdi u aziz tuproq.
Kimgadir shogirdu kimgadir o‘rtoq,
She’r bilan suhbatlar qurgan yoshligim.

Tanidim yurtimni, qadim elimni,
Alisher so‘zlagan suluv tilimni.
Va lekin yovlarim to‘sib yo‘limni,
Ne zabun kunlarni ko‘rgan yoshligim.

Dunyoda birovni kamsitmoq yomon,
Yomondir seniki bo‘lmasa zamon.
Topolmay bir chora, topolmay imkon,
O‘zini uzlatga burgan yoshligim.

Shukur, to‘zonlarda qolmadim so‘lib,
Keldi xush davron ham shavqlarga to‘lib.
Endi ro‘paramda nabiram bo‘lib,
Mardona qad kerib turgan yoshligim.

25.12.07 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:24:19
O‘ZBEK NONI

Qaysi bir zamonda, qaysi bir Sulton
Topibdi aqchani, topibdi shonni.
Va lekin duch kelib taqdir beomon,
U orzu qilibdi bir burda nonni.

Bir ulug‘ alloma fikrin aylab jam,
So‘zimni matalga yo‘ymanglar, debdi.
Tokchaga bo‘y cho‘zsang, Qur’on tursa ham,
Nonga sira oyoq qo‘ymanglar, debdi.

Non va O‘zbekiston uyqashdir azal,
Bu yurtga ne ellar non deb kelganlar.
Sargashta qushlar ham doim, galma-gal
Bu yurtdan rizqini terib yeganlar.

Yurtim, buyukliging bildi keng jahon,
To‘ldi omborlaring o‘z doning bilan.
Siylaysan olamni yozib dasturxon,
Mehnatdan yaralgan shu noning bilan.

Seni ushbu kunda qutlayman, yurtim,
Rizqingni but qildi oltin xirmonim.
Har issiq noningni quyoshday ko‘rdim,
Dunyoga non bergan O‘zbekistonim!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:24:33
YURTDOSHLARIM

Qalbimni chulg‘aydi ajib bir qo‘shiq
Yurt kezsam, u baland tog‘lardan
                                   oshsam.
Dalalar qo‘ynida mehnatkash,
                                mushfiq
Aziz yurtdoshlarim bilan uchrashsam.

Tekis dazmol izi bo‘lmas ehtimol,
Ularning usti-bosh, engillarida.
Boqishar hamisha boladay xushhol,
Zarra egrilik yo‘q ko‘ngillarida.
 
8.09.2007 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:24:48
NAKURT

Shoir Azim Suyunning Vatanisan
                           sen Nakurt,
Tog‘lar saltanatining aziz, suluv
                                           makoni.
Qoyalarda olqoru cho‘qqilarda sor
                                           burgut,
Qiyoq o‘tlar shiviri uning sirli
                                            zaboni.
Yam-yashil daralarda aylanib shamol
                                                 uchar,
Tillaqo‘ng‘iz qanotin yelpiydi
                         parvozga shay.
Shu on buta tagidan yo‘rg‘alab kaklik
                                             o‘tar,
Osmonda tomoshabin — muallaq
                                    so‘fito‘rg‘ay.

O‘zicha balog‘atning betakror zavqin
                                             surib,
Toshdan toshga sakraydi o‘spirin
                                          uloqchalar.
Qaysidir serkachaning noshud ahvolin
                                             ko‘rib,
Uzala tushganicha qiqirlar
                             buloqchalar.

Nozanin bir malakning billur
                         ko‘zgusidir bu -
Bulutlar orasidan quyosh nazar
                               tashlaydi.
Bor ekan-ku dunyoda bundayin sokin
                                   tuyg‘u,
Hasratli umrim yo‘li yodga tusha
                                          boshlaydi.

17.05.2007 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:25:02
RIZOLIK

Uni qiziqtirdi dunyoning zari
Orzuli hayotning ibtidosida.
Kerak bo‘lmay qoldi bularning bari
G‘alvali umrning intihosida.

Keskir qilichini sermab beshafqat,
Ot surib keldi-ku bir kun judolik.
Unga kerak bo‘ldi so‘nggi dam faqat
Bir og‘iz shirin so‘z hamda rizolik.

11.06.2007 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:25:24
YANA O‘ZING QO‘LLA

Kimdir oy sanaydi,
kimdir kun sanar.
Men esa sanayman
soatni hatto.
Osonmi qadamda
poylasa xatar.
Osonmi yashamoq
tahlika aro.
Hasad va g‘arazning
qamchisi tegib,
Ko‘zimdan qonli yosh
oqmoqda balkim.
Turibman sho‘rishli
boshimni egib,
Yana o‘zing qo‘lla,
onajon, xalqim!

27.06.2007 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:25:40
SODDALIK

Inson bolalari baribir sodda,
Men sizga keltiray uch-to‘rtta misol.
Balki siz ularni saqlarsiz yodda,
Yoki boyitarsiz, ehtimol.

Mana bu holatni aylang tasavvur,
Bu ham soddalikdan emasdir yiroq:
Kimdir zarracha ham qilmay tafakkur,
Uysizdan joy so‘rar, so‘qirdan chiroq.

Hamyonin oldirgan nuroniy bir chol
Insof! - deb boshini qilardi sarak.
Oh, go‘l otajonim, sodda oqsoqol,
Insofni bor gap deb o‘ylasa kerak.

O‘zim uchratganman, bir nokas, nodon
Masxara qilardi sodda siymoni.
Der edi: — Bilmaydi bu latta inson
Hozir kalla emas, aqcha zamoni!

Inson bolalari sodda baribir,
Mana qabulxona. Odamlar turlik.
Navbati kelganda quvondi kimdir,
Ishim bitadi, deb o‘yladi sho‘rlik.

Inson bolalari baribir sodda,
Garchand dunyo mushkul - buni biladi.
Yashagisi kelmas yig‘lab faryodda,
Sho‘x-sho‘x qo‘shiqlarni talab qiladi.
                                     
iyul, 2007 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:25:52
TINCHLIK

Dunyoda bitta so‘z bor
tengdir katta-kichikka.
U hatto koinotni
harir kabi o‘raydi.
Kimdir kimni yo‘qlasa
ko‘z tikib yaxshilikka,
Dastavval bir-biridan
tinchlikmi? - deb so‘raydi.
                     
                           06.08.2007 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:26:07
BOZORCHILAR

Hech kimsaga aytmaymiz bu sirimizni,
Mehmonlardan uzmaymiz ko‘z qirimizni.
Tushga qadar biz ularni aldagaymiz,
Tushdan keyin aldaymiz bir-                       
         birimizni.

20.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:26:20
QUM SOCHISH

Kichkintoy nabiram labi pirpirab,
Kichkina hasratin ochdi bir kuni:
O‘rtog‘im qum sochdi ko‘zimga qarab,
Xafa qilmagandim axir men uni.

O, o‘g‘lim, betoqat bo‘lma buncha ham,
Bobongning joniga bersin-da to‘zim.
Agar undaylarni men ham sanasam,
Ossam bo‘lar edi o‘zimni-o‘zim.

20.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:26:32
QARG‘ISH

Ossalar — daqiqa umringga yakun,
Otsalar — daqiqa umringga yakun.
El-yurt qarg‘ishidan asrasin Xudo,
Avlod-ajdodingga yetgay u butun.

21.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:26:43
INSON

Senga bo‘lsin ezgu hislarim,
Nafratlarim boshqa yoqlarga.
O‘zni tanib, Seni izladim,
Duch kelsam ham shum siyoqlarga.

Birov seni avliyo dedi,
Birov dedi mehnatkash siymo.
Gar siyrating yodimda edi,
Suratingni ko‘rmadim ammo.

Yo‘liqasan go‘dak bo‘lib goh,
Goh mo‘ysafid, goh shod, goh nolon.
Kimligingdan bo‘lmadim ogoh
Va atadim nomingni — Inson.

20.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:27:01
TABIATNING ISHI

Tabiatning ishi g‘oyat rang-barang,
Haddan ziyodlikni sevar u biroz.
Ikki boshli buzoq bor emish, qarang,
Bor emish qaydadir to‘rt oyoqli g‘oz.

Turfa hodisotga uchrar odam ham,
Gohida otliq u, gohi piyoda.
Gohi bosib kelsa haddan ziyod g‘am
Gohi shodlik kelgay haddan ziyoda.

Lekin hech bir inson bilmas shu asno,
Taqdir ipi qanday to‘qilganini.
Haddan ziyod oqil tug‘ildimi yo,
Haddan ziyod nodon tug‘ilganini.

24.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:27:08
JANNAT

Umrim shamollari hanuz yeladi,
Hanuz nurli chehrang turar qoshimda.
Onajon, men seni ko‘rgim keladi
Yetmishni qoralab qolgan yoshimda.
Mayliga, menga ham orom tilagin,
Onajon, sog‘inchim o‘zingsan rosti.
Mo‘ysafid o‘g‘lingning boshin silagin,
Menga jannat erur oyog‘ing osti.

25.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:27:17
OSH

Kimdir kimga tashlanib,
muttasil zahrin sochar,
Xashagini titkilab,
ming yillik aybin ochar.
Ehtiyot bo‘l, birodar,
go‘laxlarga ishonma,
Osh pishganda qozonni
bildirmay olib qochar.

25.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:27:31
PAXTA

Tug‘ilib ilk bora beshikka kirsam,
Boshimda bolishim bo‘lgan o‘zingsan,
Dunyoning qaysi bir burchida yursam,
G‘ururim, nolishim bo‘lgan o‘zingsan.

Kezdim saroylarni shuhrating sabab,
Gohi zindonlarga aylandi joyim.
Loyimni qorganda momiqqa o‘rab,
Yo‘rgaklab olgandir balki Xudoyim.

Paxtam deb kuylasam seni qay zamon,
Yog‘ildi sha’nimga hatto malomat.
Emishkim yo‘q senda ilhomdan nishon,
Yo‘qdir go‘zallikdan senda alomat.

Seni rizqim degan mushtipar onam,
Demakki, rizqimsan azaldan-azal.
Toki shu tuproqda ekan nasibam,
Hatto yantog‘iga yozurman g‘azal.

27.11.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:27:43
DO‘ST

Taqchil buyumlar bor, taqchil dori bor,
Ularga ayricha bo‘lgay e’tibor.
Do‘st ham taqchillarning
                         ro‘yxatidadir,
Do‘stni ham topmoqlik dushvordir,
                                  dushvor.

3.12.2007 yil
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:28:08
HIDOYAT YO‘LI

Eng yaxshi jihod — ezgu niyat bilan qilingan hajdir.
Hadis


Islomning muqaddas arkonlari bor,
Haj, ro‘za, namozu zakot va jihod.
Ular bog‘liq erur iymonga poydor,
Bajargan har mo‘min topgaydir
                                 najot.

Ro‘za va namoz-ku hamrohdir doim,
Zakot ham topilgay ba qadri imkon.
Imoning to mahshar bo‘lsin but, qoim,
Lekin jihod nedur? Nahot jang
                                 va qon?

Qay mo‘min hidoyat yo‘lini bilsa,
Hirsu nafs hujumin etolsin barbod.
Rasululloh demish: - Kimki haj qilsa,
O‘shadir dunyoda eng yaxshi jihod.

19.12.07.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:28:20
KAMTARLIK

Har kimga buyursin o‘zining dardi,
Ba’zan kulsang kamdir, yig‘lasang ham oz.
Bir kuni xilvatda suhbat qilardi
Sodda shogird bilan mehribon ustoz.

Ustoz der ediki: — Topshiriq shuldir:
Gum qil falonchini, qurisin zoti.
So‘ng esa albatta o‘zingni o‘ldir,
Jannatga tushasan o‘sha zahoti.

Shogirdi der edi g‘oyatda kamtar:
—  Ustoz, maqbul erur aytgan so‘zingiz.
Jannat shu qadarli naqd bo‘lsa agar,
Ishni boshlab bering avval o‘zingiz.

20.12.07.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:28:47
INSON OMILI

Samolyotlar qular,
Kemalar cho‘kar,
Poezdlar izidan chiqib ketadi.
Bu holning sababin qancha izquvar,
Qancha idoralar tahlil etadi.

Mayda murvatgacha axtarib topib,
Tekshirar ilmning necha komili.
Oxiri besamar daftarin yopib,
Deydilar: Sababchi inson omili.

O, inson omili, so‘nggi sababkor,
Tangri qoshidagi yolg‘iz dalolat.
O‘zingning dardingga o‘zingsan aybdor,
O‘zingga yuklaysan o‘zing malomat.

Hatto nadomating o‘zingga tortiq,
Cho‘kkan kema bilan cho‘kkaymi zoring.
Baridan ortiqdir, baridan ortiq
Sening bir-biringga bergan ozoring.

G‘alva chiqarmoqqa sen doim shaysan,
Buraysan tinch turgan boshning
                                murvatin.
Umring o‘tib borar, sen-chi yashaysan,
Bir shumlik qilishning poylab
                                  fursatin.

Ne-ne zakiy zotlar sening dastingdan,
Shaytonga koranda bo‘lgani ham rost.
Sening makringdanu sening qasdingdan,
Kimlardir beajal o‘lgani ham rost.

Ulug‘ kashfiyotlar seniki garchand,
O‘zingsan falakning tengsiz olimi.
Bir kun mehvarida zamin yesa pand
Sabab bo‘lmasmisan, inson omili.

23.12.07 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:29:08
IJROCHILAR

Maqsadimiz aniq,
G‘oyamiz porloq.
Zorligimiz yo‘qdir himochilarga,
Va lekin ishimiz tushadi ko‘proq
Ba’zi bir qadrdon — ijrochilarga.

Sekin o‘sib borib, uch yilmi, to‘rt yil
Mazkur o‘rindiqda o‘ltirar ular.
Juda ham ziyrakdir, juda ham qobil,
Bo‘lmagan ishni ham bo‘ldirar ular.

Unutib qo‘yishi mumkindir ba’zan
Biror tanishi yo yorning ismini.
Lekin unutmaydi, yozilmay qolgan
Muhim hisobotning so‘nggi qismini.

Uyiga qaytadi horib va tolib,
Ba’zan yarim tunda yo undan nari.
Tushlariga kirar — kurortlar qolib,
Mansabning keyingi pog‘onalari.

Asli o‘shalarda sinalar toqat,
Ular bor, qo‘rg‘onga yo‘lamas yotlar.
Aniq tavsiflari bittadir faqat:
Ijrochi zot ular, ijrochi zotlar.

Biroq ko‘ngli jo‘shib onda-yu sonda
Baland maqomlarda so‘zlaydilar ham.
Sigara tutatib yuksak balkonda
Olis-olislarni ko‘zlaydilar ham.

Ne ajab, tobiga kelganda tandir
Novvoy ochiq joyga kulcha ham yopgay.
Nima bo‘lganda ham, ular baribir,
Qutlug‘ dargohlarda tarbiya topgay.

She’rimni tugatdim,
G‘oya va turoq
Tahlili olimu imlochilarga.
Ayrim tashbehlarim sust bo‘lsa biroq,
Uzrimni ayturman ijrochilarga.

23.12.07 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:29:23
QUYOSH BEKATI

Sayr qilib yurarkan olis Yoponda,
Ajib faxr hissi jo‘shardi qonda:
Quyosh bu diyordan chiqsa ham garchand,
Bir kun to‘xtab o‘tar O‘zbekistonda.

22.09.2007 yil, Tokio
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:29:41
YANGI DAVRA

Bir davrada men o‘zimni begona
                                  sezdim,
Go‘yo boshqa sayyoraga kelganday sayyoh.
Turfa nozik buyumlardan qamashib
                                    ko‘zim,
Qo‘rqar edim, tegib ketmay deya
                                  banogoh.

Ahli davra g‘oyat po‘rim, g‘oyat
                             maftunkor,
Har birining imosida nazokat ayon.
Ular ta’zim qilishardi takror va
                                         takror,
Taqib olgan uzuklari yaltirar shoyon.

Men-chi yolg‘iz o‘ltirardim ko‘rgan kabi
                                     tush,
Bo‘yinboqqa mos kelganmi men
                        kiygan ko‘ylak?
Talay sanchqi, qoshiqlarga boqardim
                                           xomush,

Qaysi birin qaysi qo‘lga olmog‘im
                                          kerak?
Shu on qo‘shiq yangrab qoldi yorug‘
                                         sahnada,
G‘amginmidi, shodmonmidi —
                    bilmasdim, valloh.
May ichmasdan mastday edim o‘sha   
                                           lahzada,
Mening uchun qadah so‘zi
                   aytilmishdir, voh!

Yangi zamon g‘unchalari, sizlarga
                                     salom,
Bitta ko‘hna mo‘miyoni
                     siylamishsiz, bas.
Nabiralar ko‘rsatibdi menga
                                        ehtirom,
Demak, ushbu davrada men begona
                                    emas.

31.12.2007 y. 
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:30:03
YO‘RIQ

Dunyoning ibratli yo‘riqlari bor,
O‘sha boshqaradi umr kemasin.
Do‘stiga mehrini etganda izhor,
Hech kim ko‘kragidan tepki yemasin.

Qanchalik balandga chiqmasin odam
Aslo unutmasin Xalloq — egasin.
O‘zini gunohkor sanasin har dam,
Savob ishni esa qildim demasin.

10.01.2008 y.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 30 Iyul 2008, 13:30:10
MULK

Sen meni kechirgin gaplarim uchun,
O‘rinsiz so‘zlarim uchun kechirgin.
Sening yuzlaringga boqib tunu kun,
To‘ymagan ko‘zlarim uchun kechirgin.

Fikring menikidir, zikring meniki,
Menga taalluqli go‘zalliging ham.
Qolgan barcha mulking, mayli, seniki,
O‘zingga ne qoldi, aytgil, Hanifam?

10.01.2008 y.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: ан-Насафий 01 Aprel 2011, 22:05:06
Ассалому алайкум ва раҳматуллоҳ!

     Халқ шоири, Ўзбекистон қаҳромони Абдулла Ориповнинг 70 ёшга тўлганлиги муносабати билан шоирга бағишлаб Қарши шаҳрида китоб ва аудио диск чиқарилди. Дискда шоирнинг 22 та шеъри мухлисларга асл овозда тақдим этилди. Шу шеърдан бирини тақдим қилмоқдамиз.

     Шоирнинг ширали ва Ñ‘қимли овозидан баҳраманд бўлинг:)



[Katta hajmda ekanligi bois o'chirildi.]
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: UzMuslim 02 Aprel 2011, 23:38:02
Uchqun

Goho xayol daryosida jim
O'tkazaman tunlarni bedor.
Ba'zan g'aliz jumla ustida
Soatlab bosh qotirganim bor.

Shaloladek bo'lsa she'rlarim
Yog'du sochsa misli alanga
Sidqidil-da qobil o'gildek
Xizmat qilsa elga, Vatanga

Xali bunga ko'p gap bor, xali
Fikrlarim tarqoq, tuyg'usiz
Xali qancha tunlarni yana
O'tkazishim kerak uyqusiz...

Achinmayman, sizga o'ylarim
Achinmayman, sizga, uzun tun.
Achinmayman, chunki otashga -
Oq yo'l berar odatda uchqun!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: Muhammad Sanjar 04 Dekabr 2011, 21:54:30
Tingla, bu abadiy sado bo'ladi,
Gadoning dushmani gado bo'ladi.
Ikkovi bir-birin yegunicha to
O'rtada bu dunyo ado bo'ladi.

1975
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: Abdulhafiz 15 Yanvar 2012, 21:30:04
Imom Buxoriy

Ayni avjga chiqqan payt
Xudosizlik da'vosi
Maskovga kelar bo'ldi
Bir musulmon podshosi.

Siyosat o'gayni ham
Tug'ishganim dedirar.
Aytmaganni ayttirib,
Yemaganni yedirar.

Podshoning-chi, ko'ngliga
Qaramoqlik farz erur.
Chunki ikki tomon ham
Bir-biridan qarz erur.

Qayga desa olib bor,
Koshonami, uyaga.
Ot desa otga mindir,
Tuya desa tuyaga.

Biroq bu galgi podsho
Qaysarroq chiqib qoldi.
Bir joyga boraman deb
So'zida turib oldi.

U joy esa tashlandiq,
Xaroba hamma yog'i.
Olis O'zbekistonning
Xartang degan qishlog'i.

Bor ekan u manzilda
Ziyoratgoh bir maskan.
Lekin butkul qarovsiz,
Atrofini o't bosgan.

Podsho degani buncha
Nozik ham bo'lmasin-da.
Aytganini qilaylik,
Sazasi o'lmasin-da...

Dedilar: - A'lohazrat,
Sizni eltamiz tezda.
Samolyot qo'nolmaydi,
Boraqoling poyezdda.

Shu orada Xartangni
Go'yo ta'mir etdilar.
Mehmonni hafta o'tmay,
Manzilgacha eltdilar.

"Assalomu alayka",
Ming shukrdir boriga.
Imom xokiga yetdik,
Yetishdik Buxoriyga.

Podshodan gadogacha
Bu dargohda teng erur.
Imomga-chi Vatan tor,
Garchi dunyo keng erur.

Ha, zamonning hovuzi
Loyqaga to'lgan edi.
Hadis ilmin sultoni
Behurmat bo'lgan edi.

Masjidlar dargohida
Yurmasam-da, chekib oh.
Dilimda imon nuri
Yashar, alhamdulilloh.

Budda ham, nasoron ham
O'z dinim, o'z elim der.
Aslida e'tiqodning
Poydevori ilmdir.

Mukarram etdi Egam
Bizga dini Islomni.
Buxoriydek zotlar-chi,
Ogoh qildi avomni

Hadis cho'ng ilm bo'ldi
Yetib Haqning rizosi.
Aytsa arzir: Buxoriy
Payg'ambarning mirzosi.

Bisyor edi donishlar,
Yo olim, yo pir edi.
Hammasining u zamon
Ko'rguligi bir edi.

Ularning xok turobin
Oyoq osti etdilar.
Himoya qilganlarning
Boshlari ham ketdilar.

Qalblarning alangasi
Tutashganday bir ohga.
Elning armon, hasrati
Yetdi bir kun Allohga.

Shukr, zamon o'zgarib,
Qad rostladi ehromlar:
At Termiziy, Naqshband,
Xartang, Hasti Imomlar.

Bahovuddin guvohdir
O'sha asriy nidoga.
Yurt qo'l ochar Yurtboshi
Qo'l ochsalar duoga.

Poytaxtga kel, niyating
Bo'lmasin aslo yarim,
Bu joydadir eng noyob
Mushaf - Qur'oni Karim.

Bosh qo'ydik biz sajdaga
Yigirma yil behadik.
Goh duch keldik fitnaga,
Sinovlarga chidadik.

Ming shukr, tiklay oldik
Buyuk bobolar nomin.
Yurtni yomon ko'zlardan
O'zi asrasin. Omin...

Abdulla Oripov
"Hidoyat" jurnalidan.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: Muhammad Sanjar 09 Fevral 2012, 22:15:36
Har Nechuk...

Dunyoda har kimning bor oʻz matlabi,
Tuya soʻrab boʻlmas echkiboqardan.
Pismiqdan faylasuf chiqmagan kabi,
Haqgoʻy ham chiqmaydi betgachopardan.

Kim oʻzar oʻynasang toshbaqa bilan,
Boʻyningga olursan unga tenglikni.
Dunyoning ishlari shunaqa ekan,
Har nechuk odat qil fe'li kenglikni.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Abdulla Oripov
Yuborildi: Muhammad Sanjar 09 Fevral 2012, 22:26:56
Ajrim

Dunyoning yarmini sayr etdi oʻgʻlon,
Kelib otasidan soʻradi ajrim:
- Chin doʻst topolmadim nega, otajon?
Ota esa jim.

Yana dunyo kezdi charchamay oʻgʻlon,
Yana otasidan soʻradi ajrim:
- Vafo topolmadim nega, otajon?!
Ota hamon jim.

- Nega savolimga bermaysiz javob?!
Oʻgʻlon turar edi nolakor, haqir.
Ota javob qildi uh tortib shu tob:
- Sen ham bor narsani axtar-da axir..