forum.ziyouz.com
Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 12:16:50
-
XXI asr she'riyati:
Gulshoda Qurbonova
(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/gulshoda_qurbonova.jpg)
FARZAND BO‘LURSAN
Vatan yuragiga ko‘prik bo‘lolsang,
G‘amiga g‘amdoshu sherik bo‘lolsang,
Qorachiqlariga kiprik bo‘lolsang,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.
Surma qil hokini, pok tut gardini,
Quloq sol qalbiga, tushun dardini,
Farq etsang nokasu asl mardini,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda ellinga farzand bo‘lursan.
Olovni asrovchi o‘chog‘i bo‘lgin,
Yurak choklarining arqog‘i bo‘lgin.
Yomon ko‘zdan saqla, munchog‘i bo‘lgin,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.
Tosh terib tashlagin ravon yo‘lidan
Ayro tushib, tortma Vatan qo‘lidan,
Panaga olmasang yomg‘ir, do‘lidan,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.
Elga farzand bo‘lmoq, eng katta baxtdir,
Vatan ostonasi - eng oliy taxtdir,
Gulshoda qalbida shu qat’iy ahddir,
Diling payvand etsang, dilband bo‘lursan,
Sen shunda elingga farzand bo‘lursan.
-
XATO
Giryon-giryon sevgim hurmati uchun
Ich-etimni yema, kechir xatoyim.
Men kabi bandasin yaratib bir kun
Xato qilgan axir o‘zi xudoyim.
-
O‘RTAMA KO‘NGIL
Har kimsaning ta’rifi har xil,
Baxt ne desang janobi mubham.
Shunday ekan, o‘rtamay ko‘ngil,
So‘rma mendan uni, jonginam.
Bu tushuncha jaydari mutloq,
Falsafam ham oddiy va naqddir.
Seni har kun salomat ko‘rmoq,
Mening uchun eng katta baxtdir.
-
* * *
So‘ylar bo‘lsang, so‘zingni salmog‘i bo‘lsin,
Yigit bo‘lsang belingni belbog‘i bo‘lsin.
Bog‘bon bo‘lib keldikmi ushbu dunyoga,
Har kimning yaratgan gulbog‘i bo‘lsin.
-
BU TUN
Ishq menga ilhom berdi,
Oy uzatdi qalamni.
Ko‘ngil-chi, qog‘oz berib,
To‘kkil dedi alamni.
Sevgimning osmonida
Umidlar Yashin chaqdi.
Tunga oshna yulduzlar
Tillo oy baldoq taqdi.
Hasratimni sochdim men,
Undi alvon lolalar.
Ko‘ngil degan varaqda,
Qoldi faqat nolalar.
-
SUBHIDAM
Hali tong ko‘zidan ketmagan mudroq,
Mavhum xayollar barq urar bir nafas.
Shabada mavjida barglarda titroq,
Unsiz nidosida lahzalik nafas.
Judolik, muhabbat iztiroblari
Ortiq yuragimga solmaydi isyon.
Bulutni qo‘zg‘itar nur girdoblari
Ko‘zim ko‘chganday dilda hayajon.
-
* * *
Olam ham qah-qaha urgandek bir zum,
Oltin yaproqlari nurga chayilar.
Qamashgan nigohim - bir Dunyo orzum,
Kiprigimda umid bo‘lib pirpirar.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.