forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 12:55:54

Nom: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:55:54
XXI asr she'riyati:

Ikrom Otamurod

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/ikrom_otamurod.jpg)


IZTIROR
Doston

Yo meni chorlat yoningga, yo tanimdan jonni ol,
Bu judolikdin yaqin qoldi-ku jonim qo‘zg‘olur.
Xusrav Dehlaviy

Dunyo degan makonda men — ishq
      manzilin izlovchi,
bul soriga keling yo‘llar,
      bo‘lib sog‘inch sadosi.
Dunyo degan makonda men — ishq
      ko‘yida bo‘zlovchi,
ul soriga yeling yo‘llar,
      bo‘lib sog‘inch sadosi.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:56:09
*  *  *

Bul kanglum, sog‘inchga suyanar,
talpinar  sog‘inchga, bul kanglum.
Ishqqa muruvvatin ayanar
dahri dun tovlanib:
ming tus,
ming rangli.

Bul kanglum, sog‘inchga giriftor,
bul kanglum, diydorga tashna.
Olislarda xo‘rsinib diydor
g‘arq qiladi kanglumni yosh-la.

Tunning dardlarini bo‘laklab
olislarda  shovullar dayro.
Sog‘inchga aylangan tilaklar
olislarda,
olislarda —
ayro.

Nadamini qadar tiyrzan,
jonimni  qaqshatar nigohi.
Sog‘inchning bastini qayirgan
diydorning qaqragan ohi.

Kanglum kulbasida bir kun
Jovdiraydi,
Xayolga cho‘mib.
Sog‘inch — diydor raqami,
xomush
kanglumga yozadi umid.

Bul kanglum, sog‘inchga suyanar,
talpinar sog‘inchga, bul kanglum.
Ishqqa muruvvatin ayanar
dahri dun tovlanib:
ming  tus,
ming rangli.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:56:28
*  *  *

Yoviqdirsan savol qadar,
Yiroqdirsan javob qadar,
Yuragimni so‘rgan kadar —
To‘lqin,
to‘lqin,
to‘lqin-a.

Sochlaringni o‘par shamol,
Qarog‘ingga qo‘nar hilol.
Sog‘inchlarim bag‘rida xol —
Zulfin,
zulfin
zulfin-a.

Nazzora aylagin gulim,
Zorliqlardan tilim-tilim,
Bir bora yayrasin dilim
Gulgun,
gulgun,gulgun-a.

Yondirsin ko‘zlaring xumor,
Kipriklaring jonimga dor,
Jonim-ay, jonimga nisor
Bo‘lgin,
bo‘lgin,
bo‘lgin-a.

Yoviqdirsan savol qadar,
Yiroqdirsan javob qadar,
Yuragimni so‘rgan kadar —
To‘lqin,
to‘lqin,
to‘lqin-a.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:56:39
*  *  *

Nihoyasiz cho‘zilgan makon,
ayroliq —
cheki yo‘q safar.
Yastanib yotadi beimkon —
oramizda olis masofa.

Peshonaga suvratin chizar
qismat azal bitik —
izofa
Tog‘day cho‘kib,
yurakni ezar —
oramizda olis masofa.

Ko‘k toqida nozlanadi oy,
ne  jon borki,
ul jonga ofat.
Ishq ne bilmas,
bag‘ritosh,
beroy —
oramizda olis masofa.

Bulutlar to‘lib,
to‘kilar  bayro,
yoshlarini yutar qasofa.
O‘tib bo‘lmas,
oh,
toshqin dayro —
oramizda olis masofa.

Nihoyasiz cho‘zilgan makon,
ayroliq —
cheki yo‘q safar.
Yastanib yotadi beimkon —
oramizda olis masofa.
O-r-a-m-i-z-d-a  o-l-i-s  m-a-s-o-f-a.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:56:50
*  *  *

Visol tashrifin istab,
xayol otini qistab,
ne tong,
noiloj,
mustar —
kutib,
bir jon chatnadi.

Ko‘zlarin tikib yo‘lga,
chiqarmay dardin tilga,
nimayki bo‘lsa dilga
yutib,
paymon chatnadi.

Ikki jahoni qat-qat
visol  umidi faqat,
ishqning sinoti-toqat
ketib,
imkon chatnadi.

To‘lqinlari misli nor,
chayqalur tinmay zinhor,
bahrubar mavjlarin zor
titib,
to‘fon chatnadi.

Naylar,
g‘amdin to‘qsinib,
turar nochor,
o‘ksinib, ismsiz dard ko‘ksini
sitib,
armon chatnadi.

Qo‘shini tashlagay tun,
boqar zulmatli,
nigun,
bag‘riga yamoq,
chigin
bitib,
osmon chatnadi.

Javobsiz ishq so‘rog‘in,
chekkan nasibi —
dog‘in,
jonga ozor firog‘in
titib,
hijron chatnadi.

Visol tashrifin istab,
xayol otini qistab,
ne tong,
noiloj,
mustar —
kutib,
bir jon chatnadi.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:56:57
*  *  *

Derazamga sanchilar yomg‘ir:
botadi,
sinadi tomchi.
Yuragimda iviydi qo‘ng‘ir —
qo‘ng‘ir sog‘inching.

Ruhim paykoni mavjida —
sen,
sog‘inch,
yomg‘ir shonalar.
Tashqarida yomg‘ir avjida,
Ichkarida yig‘lar xonalar.

Yog‘adi yomg‘ir munchoq-munchoq,
termulaman,
intizor,
netsam?
Jonim,
azobingga ochaman quchoq,
jonim,
azobingga yetsam.

Vaqt hansirab chopadi behis,
uzoqda qoldirib gulimni.
Yomg‘ir yaqin,
yomg‘ir — yog‘ayotgan his,
uzatsam yetadi qo‘limni.

Sig‘inib xayolga parivash
qarayman,
toladi ko‘zlarim.
Dog‘ida o‘rtaydi alamkash —
yomg‘ir yuvib ketgan izlaring.
Yomg‘ir yuvib ketgan izlaring.
qotadi ko‘ksimda izlaring
Bag‘rimdan sukunat izlari
sirinar  tomchidek sirg‘anib.

Derazamga sanchilar yomg‘ir:
botadi,
sinadi tomchi.
Yuragimda  iviydi qo‘ng‘ir —
qo‘ng‘ir sog‘inching.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:57:06
*  *  *

Men senga qaraganda daraxtlar to‘siq bo‘ldi,
Bo‘y-bo‘yiga qizg‘onib, yo‘llar ham o‘siq bo‘ldi,
Kanglum mahzanlarida ungani o‘ksik bo‘ldi,
Sensan —
mening hijronim,
menman —
sening hijroning.

Ko‘zlarim qarog‘ida g‘amlarim oqib bo‘ldi,
O‘ng kelmagan tushlarim bag‘rini yoqib bo‘ldi,
Ishq mehvariga armon koshinlar taqib bo‘ldi,
Sensan —
mening hijronim,
menman —
sening hijroning.

Lab bosganim tashnalab, dayrolar qurib bo‘ldi,
Jonima sitam berib, jonima chirib bo‘ldi.
Men mehmon bo‘lgan dunyo bunchalar g‘arib bo‘ldi,
Sensan —
mening hijronim,
menman —
sening hijroning.

Men senga qaraganda daraxtlar to‘siq bo‘ldi,
Bo‘y-bo‘yiga qizg‘onib, yo‘llar ham o‘siq bo‘ldi,
Kanglum mahzanlarida ungani o‘ksik bo‘ldi,
Sensan —
mening hijronim,
menman —
sening hijroning.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:57:19
*  *  *

Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
armonlaring uzundan-uzun,
orzularing qisqadan-qisqa?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
qayg‘ularing uzundan-uzun,
quvonchlaring qisqadan-qisqa?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
va’dalaring uzundan-uzun,
vafolaring qisqadan-qisqa?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
Sog‘inchlaring uzundan-uzun,
imkonlaring qisqadan-qisqa?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
pushmonlaring uzundan-uzun,
istaklaring qisqadan-qisqa?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
qahrlaring uzundan-uzun,
mehrlaring qisqadan-qisqa?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
xotirlaring uzundan-uzun,
umidlaring qisqadan-qisqa?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
firog‘laring uzundan-uzun,
diydorlaring qisqadan-qisqa?
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
savoldan kulasan
miyig‘ing chetib?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
Javobdan titraysan,
Iching zil ketib?
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
sen-savol?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
                              men-savol?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
                              u — savol?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
                              ishq-savol?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
                              hijron-savol?
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
savol —
cheksiz javobsizlik?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
javob
cheksiz sukunat?
Nechun, dunyo, nechunkim, dunyo,
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .

Nechun...
dunyo...
nechunkim...
dunyo?..
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:57:31
*  *  *

O‘ynaydi to‘zg‘itib,
yugurtib,
xazonlar ohini yellar-a.
Kanglumga maddalar tugurtib
ko‘pirar armonli sellar-a.

Bo‘shatar yuragim hasratin
ichiga qamalgan g‘amlar-a.
Zuvillab o‘tadi,
olmos tin
jonimni egovlar damlar-a.

Tiyg‘i g‘aybur hijron borasi,
gardun,
qachon ishqni anglar-a?
Tiladi  qalbimning yarasin
qadamda to‘qingan sanglar-a.

Bosadi yo‘larning changini
ko‘zimdan tomg‘igan yoshlar-a.
To‘ldirib diydorning zangini
yo‘llarim firog‘ga boshlar-a.

O‘ynaydi to‘zg‘itib,
yugurtib,
xazonlar ohini yellar-a.
Kanglumga maddalar tugurtib
ko‘pirar armonli sellar-a.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:57:52
*  *  *

Istaklar istagin qirqar har lahza,
oyoq ostidan chiqqan nimadir, tayin.
Qo‘nimsiz,
lo‘killar vaqt
marzama-marza...
Sening bul soriga kelishing qiyin,
Mening ul soriga borishim qiyin.

Gullarni mahliyo etgan qaroshing
sunbullar bog‘iga sochilar mayin.
Eh,
nozbo‘y nozligim —
kanglum yaroshi...
sening bul soriga kelishing qiyin,
mening ul soriga borishim qiyin.

Ayroliq bag‘rida bag‘rim so‘kilib,
men seni o‘ylayman,
kuyganim sayin.
Bir najot —
uzoqdan turgum to‘kilib...
Sening bul soriga kelishing qiyin,
mening ul soriga borishim qiyin.

Makonlar to‘ladi,
makonlar bo‘shar,
qurib,
yana
to‘lqin urgan soydayin.
xarobot dil husnu mirotingga go‘sha...
Sening bul soriga kelishing qiyin,
mening ul soriga borishim qiyin.

Osmonda suzadi, olachalpoq abr,
borliq yam-yashil Susambildayin.
Sabrimning
sabridan
siriqar
sabr...
Sening bul soriga kelishing qiyin,
Mening ul soriga borishim qiyin.

Yonimdan o‘tadi
imkonni yulib,
kunlar parvo qilmay,
bir nafasdayin.
Qolar mening jonim qayg‘uga to‘lib...
Sening bul soriga kelishing qiyin,
mening ul soriga borishim qiyin.

Istaklar istagin qirqar har lahza,
oyoq ostidan chiqqan nimadir, tayin.
Qo‘nimsiz,
lo‘killar vaqt
marzama-marza...
Sening bul soriga kelishing qiyin,
Mening ul soriga borishim qiyin.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:58:11
*  *  *

Subhidam kokilin erkalar nasim,
bog‘larni to‘ldirar qushlar izhori.
Boring taskin,
sham’i firog‘ing —
tasim...
Uzoqdagi borim...

Jonimni og‘ritar,
jonga nish urib,
quriyotgan daraxt navdasin zori.
Men-da,
O‘tayapman
novdaday qurib...
Uzoqdagi borim...

Shom enur,
Oqshom qo‘nar.
Sokin kecha.
Taralar yulduzlar jilo —
ifori.
Tanbal eshiklar jim —
qonimni ichar...
Uzoqdagi borim...

Subhidam kokilin erkalar nasim,
bog‘larni to‘ldirar qushlar izhori.
Boring taskin,
sham’i firog‘ing —
tasim...
Uzoqdagi borim...
U-z-o-q-d-a-g-i   b-o-r-i-m...
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:58:22
*  *  *

Uzun-uzun chatnab uzangan
yo‘llar bir-biriga poydor.
Goh topib,
goh topmay so‘zangan
Mahzun kanglum izlagay diydor.

Yo‘llar —
sukunat  dovushi,
endirar ruhimga saslarin.
Kanglumning tubida qovushar
dunyoning balandu pastlari.

Mondir,
zirqirar,
nechog‘ yuksak
tog‘larning ko‘ksi ham o‘yilgan.
Har g‘ubori,
har gardi
o‘ksik
qaqragan sahrolar iyilgan...

...Ko‘klam yozga yetgani yanglig‘,
yoz kuzga yetgani yanglig‘,
kuz qishga yetgani yanglig‘,
qish ko‘klamga yetgani yanglig‘,
guli bilan, oftobi bilan,
oftobi bilan, xazoni bilan,
xazoni bilan, qori bilan,
qori bilan, guli bilan...
gul...
oftob...
xazon...
qor...

Ishq xaylida tugamas yo‘llar:
birodardir,
xesh-xovand,
bog‘ich.
Yuragimda sog‘inch gullar,
yuragimda o‘sadi sog‘inch.

Sog‘inch darsin o‘qidim
to‘yib,
sog‘inch tilin o‘rgandim
bekam,
sog‘inch,
meni erkalab,
suyib,
diydoringga zor qildi erkam.

Uzun-uzun chatnab uzangan
yo‘llar bir-biriga poydor.
Goh topib,
goh topmay so‘zangan.
Mahzun kanglum izlagay diydor.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:58:35
*  *  *

Ishq dedim,
ishq g‘amin yutdim,
kanglum ahvolini ko‘rgil.
Ishqni ruhimga naqsh etdim,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Dildan tumanlarni hayda,
dilni sabolara burgil.
Ishqqa eltgin,
ayt,
ishq qayda,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

G‘alat savdo,
g‘alat paltar,
hijron —
ishqni o‘stirgan gil,
ishqki, hijronni yuksaltar,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Ne ko‘y,
ne o‘y,
ne suryolar,
nozligim g‘amzasin yo‘rgil.
O‘rtagay chashmi giryolar,
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Sabr poyin g‘uborlari
sabr saroyini qurgil.
Tinsin kanglumning zorlari —
sog‘inch diydorga yetkurgil.

Ishq dedim,
ishq g‘amin yutdim,
kanglum ahvolini ko‘rgil.
Ishqni ruhimga naqsh etdim,
Sog‘inch diydorga yetkurgil.
S-o-g‘-i-n-ch  d-i-y-d-o-r-g-a   ye-t-k-u-r-g-i-l.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Ikrom Otamurod
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:58:45
*  *  *

Dunyo degan makonda men-ishq
      manzilin izlovchi,
bul soriga keling yo‘llar, bo‘lib
      sog‘inch sadosi.
Dunyo degan makonda men-ishq
      ko‘yida bo‘zlovchi,
ul soriga yeling yo‘llar,
      bo‘lib sog‘inch sadosi.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.