forum.ziyouz.com
Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 14:23:39
-
XXI asr she'riyati:
Muhammad Siddiq
(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/muhammad_siddiq.jpg)
* * *
Olovlarni purkab komidan,
U kunora hujum qilardi.
Onam uni yengardi har gal,
Onam jangning sirin bilardi.
Oh, onam-a, pahlavon onam,
Ajdarhona yenggan tikib jon.
Kosovlarni qilichdek tutgan
Uzmoq uchun menga kulcha non.
-
* * *
Ko‘zing — dengiz,
surmalardan sarhad chizding.
U tomonga o‘tsam meni nahang yutar.
* * *
Yurakka yashirgan armonim,
Uyg‘ongin, uxladi ayolim.
-
* * *
Tirband avtobusga o‘xshaydi dunyo,
Shoshmagan insonning bunda o‘zi yo‘q.
Eshikka yuz tirab ketib boryapman,
Shunda ham silji deb qilisharlar do‘q.
Men bir chiptasi yo‘q yo‘lovchidirman,
Joyimdek o‘zim ham omonat hozir.
Bilmam, qaysi bekat meniki ekan,
Qaerda tushirib yuborar nozir.
-
* * *
Oyog‘ida temir iz, kishan,
Shoxlaridan bog‘langan simga.
Asriy mahbus kabi sudralar,
Dardlarini aytmas hech kimga.
Bu qandayin og‘ir jazodir,
Goho ingrab yuragim ezar.
Ozod ulovlarga termulib,
Shahar ichra tramvay kezar.
-
* * *
Gullamadi og‘zidan anjir,
Dilda dardin ayladi pinhon.
So‘ng ishqsiz deb chorbog‘da uni
Malomatlar qilishdi chunon.
Sevaman deb oh urmadi u,
Pinhon ishqdan za’faron yuzi.
Tunlar unsiz yig‘laganida
Boldan ko‘z yosh to‘kardi ko‘zi.
-
* * *
Ko‘zlaringda sokin ummon bor,
Ko‘zlaringda yulduzli osmon.
Ko‘zlaring yo‘l erur poyonsiz,
Ko‘zlaringda to‘rtala tomon.
Ko‘zlaringda quyoshning aksi,
Ko‘zlaringda oyning to‘lgani.
Kel, ko‘zingdan uzmayin ko‘zim,
Qolgani ne bo‘lsa bo‘lgani.
-
* * *
Ko‘zlaringga oshiq hatto tun,
Darichangdan nari ketmaydi.
Sen bilmaysan tunning sevgisin,
Tunning qo‘li senga yetmaydi.
Darichangdan suqlanib boqar,
Sensiz tun ham sig‘mas hovliga.
Olganingda soching ilgaging
Biri boqsayding tunning holiga.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.