forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 14:25:38

Nom: XXI asr she'riyati: Munavvara Toshpoʻlatova
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 14:25:38
XXI asr she'riyati:

Munavvara Toshpo‘latova

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/munavvara_toshpulatova.jpg)


AYTMANG

Sevgimizni hammaga aytmang,
Ko‘z tegadi, ko‘zlar tegadi.
Qancha hasrat egmagan boshni,
Yaxshi-yomon so‘zlar egadi.

Berkitaymi ko‘z gavharimga,
Qarog‘imda tinchgina yotsin.
Aytay kiprik lashkarlarimga,
Yomon ko‘zga kamonlar otsin.

Sevgimizni hammaga aytmang,
Ikkalamiz bilsak bo‘ladi.
Bilib qolsa yomonlar - Majnun,
Kunin boshingizga soladi.

Layli demang, Zuhro deb aytmang,
Gul ishqimga doston kerakmas.
Men bir miskin Munavvar bo‘lib,
Vaslingizga yetib olsam bas.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Munavvara Toshpoʻlatova
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 14:25:58
EY, TOG‘

Ey, tog‘, sening qizingman,
Aytolmagan so‘zingman.
Bilmasang, aytib qo‘yay,
Mening yuragim toshdan!

Bulut mendan suv ichar,
Har kun yonimga tushar.
Sin solib ko‘r, bilasan,
Ko‘zimdan  oqqan yoshdan.

Bo‘ylarim senga tortgan,
Kiyik sut berib boqqan.
Bilib olsang bo‘ladi,
O‘- kiprik, kamon qoshdan.

Ey, tog‘, mening otam, sen,
Ko‘nglim senikidan keng.
Sinab ko‘rsang, bilasan,
Tog‘day g‘urur, bardoshdan.

Sening bolangman, ey, tog‘,
Beqaror, g‘alatiroq.
Izlasang izla, faqat
Andijondan yo Shoshdan.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.