forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 14:35:47

Nom: XXI asr she'riyati: Zamira Roʻziyeva
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 14:35:47
XXI asr she'riyati:

Zamira Ro‘ziyeva

* * *

Yurtim, sening shabnam qo‘ngan,
Kapalaklar uchib yurgan,
Otam yanglig‘ to‘lib turgan,
O‘tloqlaringni suydim.

Yeru osmon oralig‘in
Nur bilan tutashtirgan,
Zulmatlarning qarolig‘in
Yorug‘likka almashtirgan
Chiroqlaringni suydim.

Orzulandim,
O‘tlog‘ingga juda o‘xshagim keldi.
Yog‘dulandim,
Chirog‘ingday yal-yal yashagim keldi.
Sezdim, bular shunchaki istak,
Yo shunchaki xayol emasdir.
Og‘riq ichra chiyralib yurak,
Ruxsor tutsa mo‘’jizayu sir.
Gulga shabnam,
Kapalakka gul
Tutar, balki reza terlarim.
Yo‘lsiz qolganida bir mungli odam,
Zulmatdan bezganda qaysidir ko‘ngil.
Hamdard bo‘lar,
Bitta shamdek yonar she’rlarim.

Qaniydi...
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Zamira Roʻziyeva
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 14:35:59
*  *  *

Men muhabbat istadim,
Jonga sultonim o‘sha.
Yo‘qsa zulmatda dilim,
Mohi tobonim o‘sha.
Kuylasam oshiqligim
O‘t bo‘lur har bitta bayt,
Ziynatin topgan satr,
She’ru dostonim o‘sha.
Dil chiroyi sevgidir,
Sevgidir ruh pokligi.
Mushku anbar anqigan
Gul-gulistonim o‘sha.
Bemuhabbat ne bilur,
Uy-oshiyon qadrini.
Nari ketsam chorlagan,
Sinchli ayvonim o‘sha,
Paxta ungan yer o‘sha,
O‘shadir manglayda ter,
Angladi ko‘ngil, demak,
O‘zbekistonim o‘sha.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Zamira Roʻziyeva
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 14:36:21
BOBURNING ANDIJONDAN CHIQISHI

Vido deb titradi tush ta’birlari,
Alamdan tulporlar tushov uzdilar.
Maysasi yanchilib yurt adirlari,
Quchog‘i qontalash gullar to‘zdilar.
Andijon osmoni bu dam qoradur,
Taqdirini qarg‘ab Bobur boradur.

Yellar vazmin yelib kuzatib bordi,
G‘amgin sayyohlarga omonlik tilab.
Ismini bir lahza unutdi Vodiy,
Vido qoplab turgan ko‘zlarga qarab.
Karaxt ko‘kdan tushib yig‘lar tola nur,
Dili yig‘lab borar Hazrati Bobur.

Saltanat bu lahza qon urgan taxtdir,
Suyanib yig‘ladi qo‘shiqlariga.
Bo‘ylarini cho‘zib boqdi daraxtlar,
Izi uzoqlashgan oshiqlariga,
Yashil yaproqlarning bag‘ri poradur,
Shoir ko‘ngil yig‘lab-yig‘lab boradur.

Qushlar "chir-rr" aylandi, yig‘lashdi chog‘i,
Tushunmas ovozga o‘rab dodini.
Yo‘llarning ming karra ortdi qiynog‘i,
Tinglab nigohlarning jim faryodini.
"Oy boring" — oq duo so‘nggi choradur,

"Omon qaytmoq bormu" — nido boradur.
Zardobi kechmishli, zardobi savol,
Bir diyor oldinda — Hindiston otli,
Buyuk Gang mavjlari ochar bunda fol:
"Bir o‘g‘lon keladur, mard, adolatli!"

Ne tong, o‘g‘lon — g‘amdan toj ilgan Bobur,
Nasibasi Hindga sochilgan Bobur!..

"Yoshlik" jurnalidan olindi.