ZiyoUz - Haqiqiy o'zbekona forum

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 16:37:31

Nom: XXI asr she'riyati: Dilshoda Halimjonova
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 16:37:31
XXI asr she'riyati:

Dilshoda Halimjonova

(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/dilshoda_halimjonova.jpg)


BOLALIK

Mahzun nigohimga qulaydi dunyo,
Sabolar ishqimda olmoqchiday tin.
Mening manglayimga bitib ket, Xudo,
Baxtning aytilmagan tasodiflarin.

Yotsirab boryapman hayot yo‘lida,
Bolalik... sog‘indim yuraklaringni.
Yoriq tovonimga tuproq sachratib,
Mensiz qolib ketgan yo‘laklaringni.

Bir umr to‘kildim armonlarimga,
Baxtliman, lek seni kelar o‘ylagim.
O‘rik novdalari tortqilab yirtgan,
Oh, u pushti gulli ipak ko‘ylagim.

Hozir ham bolaman, notavon, g‘o‘rman,
Tonglarga aytaman tilaklarimni.
Sog‘insam yuzimga to‘kilgan o‘sha,
Haliyam puflayman kipriklarimni.

Shomlar lahzasida bo‘zarar rangim,
Hijronda o‘ldirar asotirlari.
Hovlim ishkomiga o‘zini osgan,
O‘sha bolalikning xavotirlari.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Dilshoda Halimjonova
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 16:37:47
*  *  *

Samo ko‘zgusida tovlanar borliq,
Bahor xinolaydi gul barmoqlarin.
Tog‘larning musaffo etaklariga,
Tonglar to‘kib ketgan hur titroqlarin.

Maysalar nigohin tikadi ko‘kka,
Duoga to‘ldirar tilaklarini.
Qirlarning duxoba ko‘rpalariga,
Ko‘klam qalab borar yuraklarini.

Alloma fursatning mahsuli olam,
Kunduzlar musavvir muyqalam sabo.
Betizgin hislarning haroratida,
O‘zidan mo‘jiza axtarar dunyo.


"Yoshlik" jurnalidan olindi.