forum.ziyouz.com

Kutubxona => Boshqa kitoblar => Mavzu boshlandi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 00:13:28

Nom: Matmusa
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 00:13:28
1. Matmusaning qishlog'i

        Donishqishloq degan joy

        Bordir bizning tomonda.

        O'sha qishloq ahlidek

        Dono xalq yo'q jahonda.

        Jo'yak tortib tomiga

        Makka ekkan o'shalar.

        Kalishini perronga

        Yechib ketgan o'shalar.

        Yuz qop ganchni bir yo'la

        Suvga qorgan u yerlik.

        Echkisini sartaroshga

        Olib borgan u yerlik.

        Ko'rib minoralarni

        O'sha yerlik ulug'lar,

        Degan: «Bular teskari

        Turib qolgan quduqlar».

        Tomdan boshlab uy qurmoq

        Bo'lib tikkan xavoza,

        Devori yo'q hovliga

        O'rnatgan ham darvoza;

        Oyga chiqmoq yo'li bor,

        Juda oson degan ham,

        Temir yo'lni ko'tarsa,

        Tayyor narvon degan ham,

        Mashinasi bor turib

        Minib yurgan xachirga,

        Xizmat qilgan «Volga»si

        Eshakka yem tashirga,

        Pashshaga sopqon otgan,

        Qopqon qo'ygan chivinga,

        Almashtirgan sarrofdan

        O'tgan kunni indinga,

        Oy nuriga xum tutib,

        Umid qilgan pishloqdan —

        Sohibxayol farishta

        O'sha Donishqishloqdan.

        Donishqishloq qayerda?

        O'zimizning tomonda.

        O'sha qishloq xalqidek

        Dono xalq yo'q jahonda.

        Aql ko'plik qilsa, bosh

        Yoriladi deb halak —

        Boshlariga donishlar

        Kiyib yurar chambarak.

        Sodda demang ularni,

        Ular sodda bo'lmaydi.

        Kuldirsa ham sizlarni,

        O'zlari hech kulmaydi.

        U mashhur Aldarko'sa,

        Kalko'saning qishlog'i.

        O'zimizning qahramon

        Matmusaning qishlog'i.

        Kitob bo'lar ta'rifi,

        Yozsa ming bir sahifa.

        Donishlarning ishidan

        Tinglang uch-to'rt latifa...
Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:23:32
Qalpoq oldi Matmusa,

Qalpoq desa — qalpoqday.

Uni kiyib Matmusa,

Yigit bo'ldi chaqmoqday.

O'nta qo'yga arziydi,

Yaraqlashi bir jahon.

Bir qarasang — suvsardek,

Bir qarasang — olmaxon.

Qalpoq emas — ertak u,

Qalpoq emas — tilla toj!

Qo'ying-chi restoranda

Yuvmasa hech yo'q iloj.

Kirdilar, o'ltirdilar,

Buyurdilar araqni.

Dono Matmusa uchun

Ichdilar bosh qadaxni.

Qalpoqqa teri bergan

Suvsar uchun ichdilar.

Shunday qalpoqni sotgan

Ovsar uchun ichdilar.

Eslanmagan qishloqning

Itigacha qolmadi.

Maqtalmagan qalpoqning

Ipigacha qolmadi.

Xo'p ichdilar o'ylamay

Hisob-kitob qilmoqni.

Oxirida pul yetmay,

Topshirdilar qalpoqni.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:33:53
3. Matmusaning lagani

Matmusavoy shahardan

Lagan olib qaytardi,

Yo'l-yo'lakay o'y surib,

O'z-o'ziga aytardi:

Bu laganni ko'tarib

Olib borsam qishloqqa,

Xotin uni albatta

Idish qilar pishloqqa.

Tiyib bo'lmas hech qachon

Bola-chaqa deganni.

Ular pishloq talashib

Sindirishar laganni.

Shunda izlab chegachi

Men notavon bechora,

Qayta kelib shaharga

Bo'ladirman ovora.

Mashoyixlar gapi bor

Ish ko'zini bil, degan.

Har yumushda ertaning

Hisobini qil, degan.

Nima qilsam ekan deb,

Bir dam o'yga toldi u.

So'ng laganni sindirib,

Chegalatib oldi u.

Shunday qilib, uyiga

Qaytdi og'zi quloqda.

Hamma uning aqliga

Qoyil qoldi qishloqda.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:34:39
4. Matmusaning charxpalagi

Polvon edi Matmusa,

To'rt fil kuchi jam edi.

Qishloqda eng zo'r, ammo

Aqli bir oz kam edi.

Matmusani shundan hech

Ko'zga ilmas edilar.

Qo'rqsalar ham undan, hech —

Hurmat qilmas edilar.

Bir kun dedi Matmusa,

Shunday kuchga egamen.

Shuhratim yo'q el aro,

Beobro'man nega men?

Ot ko'tardim tish bilan,

Kuldi faqat odamlar.

Arzimagan ish bilan

Topdi hurmat odamlar.

Endi men ham kirishay,

Hayron kilay hammani.

Dono bo'lib bir o'zim,

Nodon qilay hammani.

Bo'z ariqda ko'p zamon

Bor eski bir charxpalak.

Ko'ribdiki, bir tomon

Aylanar u g'ildirak.

Balki ming yil narida

Aylangandir shu yo'sin.

Matmusaning davrida

Yangilik bir ish bo'lsin.

Turdi bir oz o'y surib,

Yurdi shaxdam ilgari.

Charxpalakni sug'urib

Shartta qo'ydi teskari.

Bu ijoddan el darak —

Topdi saxar pallada.

Jadal chopar charxpalak,

Lekin suv yo'q dalada.

Uylar axli ulamo

Tuzatmoqning yo'lini.

Mag'rur turar Matmusa

Belga qo'yib qo'lini.

Kim charxpalak kosasin

Yalpoq qilish kerak, der,

Kim kosaga osma sim

Qopqoq qilish kerak, der.

Der idroki eng yuksak

Qashib turib kallani:

— Daryoni sal ko'tarsak.

Sal tushirsak dalani...

— Yo'q, ish bitmas «sal» bilan!

Qishlog'imiz erlari —

Charxpalakni gal bilan

Aylantirsin teskari.

— Yo'q, kuchimiz ojizroq,

Qiynalmasin el joni.

Teskariga oqizmoq

To'g'ri bo'lar daryoni...

Emish, hamon qilar bahs

O'sha qishloq erlari.

 Charxpalak-chi, suv bermas,

Aylanarmish teskari.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:35:09
. Matmusaning tandiri

Matmusaga bir kuni

Xotini: «Hoy, er, — dedi.

Hammada bor, menga ham

Tandir qurib ber», dedi.

Pishiq edi Matmusa,

Boshga qo'yib qo'lini,

O'ylab topdi eng arzon

Tandir qurmoq yo'lini.

Dehqonchilik somon, jun,

Loy qorishni biladi.

O'zi tayyor qolip-ku,

Nega pul sarf qiladi?

Loyni qordi, ishlatib —

Zang ketmonu paqirni.

So'ng oftobga cho'k tushib,

Bolalarni chaqirdi.

Qiyqirishib bolalar

Atrofida chopdilar.

Qorni, bo'yni aralash

Loyshuvoqni yopdilar.

Bundoq tandir bo'lmagan,

Yo'qdir hech bir kitobda.

Tandirini Matmusa

Quritadi oftobda.

Qotgan sari tanda loy,

Har bir mo'yi jimirlar.

Chig'anoq qurt singari

Faqat boshi qimirlar.

Ko'p qiynaldi Matmusa,

Mard emasmi — chidadi.

Tandir tayyor, endi mard

Undan qandoq chiqadi?

Pilla yorar kapalak,

Qil sug'rilar xamirdan.

Lek Matmusa chiqolmas

O'zi qurgan tandirdan.

Yetar yetti qo'shniga

Uning nola-xonishi.

Maslahatga yig'ilar

Qishloq ahli donishi.

Qim der: E vox, bechora,

Kim der: Ko'ring taqdirni.

Baxs boshlandi — masala:

Butun olmoq tandirni.

Oxir dedi bosh hakam

Chimirgancha qoshini: —

Bir chora bor: arralang

Matmusaning boshini.

Mayli, dedi Matmusa,

Rozi bo'lmay netayin,

Bilmadinglar qadrimni,

Hammang jinni, betayin.

Kessangizlar boshimni,

Men niyatga yetarman.

Boshim olib bu yerdan

Biror yoqqa ketarman.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:35:49
6. Tandir kiygan Matmusa

O'zi tandir qurolmay,

Ko'nib oxir taqdirga,

Shahar tomon yo'l oldi

Matmusavoy tandirga.

Tandir bozor qizigan,

U tushgacha aylandi.

Va nixoyat bozorning

Zo'r tandiri saylandi.

Chertsa, uch kun jaranglar,

Bir umrga yetadi.

Lekin uni qishloqqa

Qanday olib ketadi?

O'ylab ko'rsa, eshakka

Ortmoqning yo'q chorasi.

Ortganda ham arqonlab

Tortmoqning yo'q chorasi.

Ahli bozor yig'ildi,

Qizib ketdi maslahat.

Barchada bir shu tashvish,

Hammada shu o'y faqat.

Kengashildi, o'ylandi,

Mindirildi oxiri

Eshagiga — Matmusa,

Matmusaga — tandiri.

U shod, bundoq tadbirni

Topmas eng zo'r topqir ham.

O'zi yayov qolmadi,

Zap o'rnashdi tandir xam.

«Hayyo-hayt» deb yo'l oldi

Donishqishloq tomonga.

Mana, tandir ichidan

Qarab borar osmonga.

Har qanchaki intilar

Matmusa yo'l ko'rolmas.

Mening uyim qanda? — deb

Odamlardan so'rolmas.

Ketib borar tavakkal,

Ko'kka qarab «Tangrim! — der,

Meni qilma sharmanda,

Eshagimga aql ber».

Bedapoya ko'rganda

Eshak sho'rlik netadi?

Qishloq qolib Mag'ribda,

Mashriq tomon ketadi.

Kun botaru shom tushar,

Yulduz chiqar osmonga,

Hamon borar Matmusa,

Yetmas manzil-makonga.

Deydilarki,to bu dam

Yo'lda emish Matmusa.

Boshi ham yo'q, cheki yo'q

Cho'lda emish Matmusa.

Ayo do'stlar, adashgan

Bir mo'mindan kulmaylik.

Matmusadek o'zimiz

Tandir kiygan bo'lmaylik!

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:36:22
7. Matmusaning uylanishi

Safar qildi Matmusa

Olisdagi shaharga.

Ul shaharda yo'liqdi

Bir hur pari-paykarga.

Bo'ydoq edi Matmusa,

Uzoq turmay o'ylanib,

Qishlog'iga qaytdi u

Ul sanamga uylanib.

Xech gap emas baxt kelsa,

Aytar omad deb buni:

Uch oy o'tmay jononning

Yaqinlashdi oy-kuni.

Hamma hayron, hamma lol:

«Biz bir yilcha kutardik,

Matmusaning xotini

Chiqib qoldi udarnik».

Ne ekan deb, shoshilib

Zarbdorlikning bu siri,

Chopib keldi suhbatga

Donishgazet muxbiri.

«Biz ham chetda emasmiz,

Biz ham sherik mehnatga», -

Deb Matmusa tirjayib,

Qo'shiladi suratga.

Ertasiga bu xabar

Tarqab ketdi har yokda.

Sarlavha ham chiroylik:

«Ilg'or o'rnak — qishloqqa».

Xat ёg'ilar erlardan:

«Tashabbusni qo'llaymiz!

Xotinlarni tajriba

Almashishga yo'llaymiz!»

Alvon-alvon shiorlar

Paydo bo'lar har joyda:

«Yangilikka — katta yo'l!»

«To'qqiz oyni — uch oyda!»

Hay'atlarda kekkayib

Yayrab yurar Matmusa.

Biz undoq, biz bundoq deb

Sayrab yurar Matmusa

Alqissa shu — ba'zida

Shunday bo'lib qoladi —

Birov qilib mehnatni,

Birov obro' oladi.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:37:01
8. Qiziquvchan Matmusa

Oppoq ko'ylak, yangi shim

Kiyib olib bayram kun,

Uyga qaytar Matmusa

Shirin bo'lib kechqurun.

Qaytar zavqqa qo'shib zavq,

Ham kuch qo'shib kuchiga.

Bir payt ko'rsa, allakim

Simyog'ochning uchiga —

Qog'oz osib qo'yibdi,

Ikki qator yozib xat.

O'qimoqqa Matmusa

Harchand qilar harakat —

U tomondan qaraydi,

Qaraydi bu tomondan.

Bilmay ketsa ne xat bu,

Chiqa olmas armondan.

Qiziquvchan ishtiyoq

Unga tinchlik bermasdi.

Ko'ylakni ham ayamay

Simyog'ochga tirmashdi.

Chiqdi, ko'rdi, o'qidi,

Kim aqldan ozibdi?

«Ehtiyot bo'l, simyog'och —-

Bo'yalgan», deb yozibdi.

O'qidiyu tanidan

Chiqib ketdi muzdek ter,

Uyga kelib daftarga

Yozib qo'ydi to'rt yo'l she'r:

«Ey, odamlar, bilishdan

O'zingizni tiymanglar.

Qiziquvchan bo'lsangiz,

Yangi ko'ylak kiymanglar!»

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:37:22
9. Matmusa — rassom

Ko'chma muzey kelibdi

Bizning Donishqishloqqa.

Eshitdiyu Matmusa,

Shoshib qoldi u ёqqa.

Ko'rdi borib mo'ylovdor

Qilich taqqan zotlarni.

U zotlaring ostida

Gijinglagan otlarni.

Ayniqsa, deng, ayollar,

Qarab-qarab oldi u.

Boqib ba'zi suratga,

Surat bo'lib qoldi u.

Biri biridan qiziq,

Bir-biridan zo'r, ammo

Abstrakt san'atga

Tushunmadi mutlaqo.

Dedi: shu suratga ham

Pul to'lashar, hoynahoy.

Demak, rassom ishi zo'r,

Demak, rassom juda boy.

Dedi: san'at kim uchun?

San'at hamma uchunmi?

Men ham endi bu ishda

Sinab ko'ray kuchimni.

Qat'iyatli Matmusa,

U orziga so'z oldi.

Uyga kelib sandiqdan

Paytavalik bo'z oldi.

Tog'oraga rang qordi,

Bo'lsin uchun sozgina,

Qo'shdi tarnov suvidan,

Qo'y qiyidan ozgina.

Qo'lcho'pni siz so'ramang,

Topqirlikdan kamoli —

Guldek mo'yqalam bo'ldi

Echkisining soqoli.

Toldan ёg'och kesdiyu

Chorcho'pni ham bopladi.

So'ng u turfa matoga

Turfa rangni chapladi.

Qarabsizki, rasm taxt,

Shartta qo'yib imzoni,

Olib keldi muzeyga,

Lol qilgani dunyoni.

Ko'rinarli joy topib,

Osdi uni devorga.

Allaqanday «izm» deb

Yozib qo'ygan qatorga.

Ertasiga keldilar

Mutaxassis xodimlar.

Ya'ni, o'sha «izm»ning

Piri bo'lgan olimlar.

Qaradilar, ko'rdilar,

Hech tish o'tmas anglarga.

Kim der: Ko'ring uslubni.

Kim der: Qarang ranglarga.

Bu G'arbdagi zo'r usul

Antirasm, der birov.

Primitivizmda

Yangi oqim, der birov.

Xullas, ko'chma muzeydan

Bu surat xam joy oldi.

Matmusaga pul chiqib

Bitta saman toy oldi.

Ey, yoronlar, borsangiz

London, Parij, Rumoga,

Muzeylarda bir qarang

O'sha tanish imzoga.

Jilva qilib o'zgacha,

Bo'y taratib turibdi.

Matmusa chizgan surat

Dunyo kezib yuribdi.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:38:58
10. Matmusaning dutori

Matmusa qo'y sotgani

Shaharga kelib qoldi.

Qaytishda bitta qo'yning

Puliga dutor oldi.

Uyga kelgach, yo'lakka

Bog'ladiyu otini,

Zavqi sig'may yurakka,

Chaqirdi u xotinni.

Mana, xotin, ko'rib qo'y,

Manovni dutor deydi.

Manov bog'ichni parda,

Manov ipni tor deydi.

Manov quloq, bu xarrak,

Ya'ni, eshak boladir.

Shaharlik uni bunday,

Bunday qilib chaladir.

«Munojot» deb otini,

Matmusa kuy chalibdi.

Quloq solib xotini,

Rosa qoyil qolibdi.

Depti:

Rahmat, shaharlik—

Yaxshi cholg'u beribdi.

Faqat bitta narsaga

Aqlim yetmay turibdi.

Bir mahal bobomda ham

Shunday cholg'u bor edi.

Esimdan adashmasam,

O'sha ham dutor edi.

Lekin u chalmay turib,

Qulog'ini burardi.

Barmog'i ham manov ip

Ustida yugurardi.

Sen bo'lsang, bitta yerni

Tutgancha qolaverding.

Bir xil ting'ir-ting'irni

Qo'ymasdan chalaverding.

Jahli chiqib Matmusa,

Xotinini so'kibdi.

Ketgan qo'yi uchun ham

Alamini to'kibdi:

«Ey, xotin, sen eringga

Nodon gapni deb qo'yding.

Nima bo'ldi? YO qarib

Es-hushingni yeb qo'yding?

Bobong qo'li dutorda

Yugursa, yugurgandir.

Sho'rlik kerak pardani

Topolmay qidirgandir.

Endi men chalganimda

Og'zingni yum, jim, depti.

Bobong parda qidirgan,

Men uni topdim, depti.

Matmusa shunday qilib,

Ko'kragini keribdi.

Erini dono bilib

Xotin ham tan beribdi.

Alqissa shu: Mashshoqlar

— Qidirishni tashlasin.

Kerak pardani topgan

Matmusalar yashasin!

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:39:27
11. Matmusaning qo'shig'i

Beish qoldi Matmusa,

Endi ne qiluv kerak?

Bir tovuqqa albatta,

Ham donu ham suv kerak.

Bekor qolsang yostiq ham,

Yonboshingga botadi.

Televizorga tokay

Termilgancha yotadi?

Oinai jahonda

Kuylamagan og'iz yo'q.

O'ylab ko'rsa o'zidan

O'tadigan hofiz yo'q.

O'yladi, avval boshni,

So'ng yonboshni qashladi.

To'rtta odam yig'ilsa

Qo'shiq aytaboshladi.

Eshitarmi odamlar,

Eshitmasmi, ishi yo'q?!

«Bog' aro»ni ko'tarar,

Bas, deydigan kishi yo'q.

O'zi bo'lar mahliyo

O'zi aytgan kuylarga.

Taklif bo'lsa, bo'lmasa

Boraverar to'ylarga.

Matmusa kelgan yerdan

Qochar bo'ldi odamlar,

Tunlar quloqqa yostiq

Bosar bo'ldi odamlar.

Oqsoqollar dedilar:

Bir ilojni o'ylaylik.

Matmusani qishloqqa

To'ra qilib qo'yaylik.

Bo'lsa katta amaldor,

Kursisi baland bo'lsa:

Majlis, qabul, nutq, safar

Xullas doim band bo'lsa.

Balki qo'shiq aytishga

Vaqti qolmas, ulgurmas.

Amalidan uyalib

Hofizlikni ep ko'rmas...

Kelishdilar, Matmusa

Endi qishloq to'rasi.

Ko'payib qoldi, ko'ring,

Qadrdoni, jo'rasi.

U kursida o'ltirar,

Qo'lni qo'yib beliga.

Yana ham qiyin bo'ldi

Donishqishloq eliga.

Kimki biror ish bilan

Huzuriga kiradi —

Matmusa arz eshitmas,

Qo'shiq aytib beradi.

Chidab sukut saqlagan

Marhamatga esh bo'lur.

Qo'shig'ini maqtagan

Albat ishi besh bo'lur.

Oqibat Matmusaning

Kasali battar bo'ldi.

Sahar boshlab ashula

Kechgacha aytar bo'ldi.

Oqshomlari guzarda

Avjni olib turadi.

Eshitsang-ku xo'bu xo'b,

Eshitmasang — uradi.

To'ra bo'lgach, boshqa xil

Ovozlarni yo'kotdi.

Meni kulgi qildi, deb

Xo'rozlarni yo'qotdi.

Donishqishlosda endi

Boshqa biror qo'shiq yo'q.

Birgina Matmusaning

Qo'shig'iga to'siq yo'q.

Odamlar ijirg'annb,

O'qchib quloq soldilar.

Iloj qancha, oxiri

O'rganib ham qoldilar.

Hatto qo'msab, noyob deb,

So'ylar bo'ldi xaloyiq.

Matmusaga o'xshatib

Kuylar bo'ldi xaloyiq.

Qarsak, olqish, madhiya

Avjga chiqib basma-bas,

Xalq dedi: bizga endi

Boshqa qo'shiq kerakmas.

Hammamiz bu qo'shiqning

Fidoyisi bo'larmiz.

Uni aytib yashadik,

Uni aytib o'larmiz.

Alqissa, bulbuli yo'q,

Xo'rozi yo'q ul ma'vo —

Donishqishloqda xamon

Yangrar yolg'iz bir navo.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:40:15
12. Matmusa va o'g'rilar

Savdo qilib Matmusa

Qaytar ekan yo'liga

Tushib qoldi shaharlik

O'g'rilarning qo'liga.

Yechintirdilar avval

So'ng do'pposlab urdilar

O'chsin deya ovozi

Karnay chalib turdilar.

Shu-shu ko'p yil Matmusa

Bu shaharga qaytmadi

Ichga yutdi alamin

Hech kimsaga aytmadi.

Aytsa nima, el faqat

Kulgi qilar ermaklab,

Qariganda nihoyat

Nabirasin yetaklab.

Matmusa yana o'sha

Shahar sari yo'l oldi

Bu safar katta to'yning

Ustidan chiqib qoldi.

G'at-g'at karnay, nog'ora

Takatumni urardi

Matmusadan nabira

Bu nima, deb so'rardi.

Bobo aytar: bu ishni

Mendan so'rma, bolajon,

Bir sho'rlikni hoynahoy

Qilmoqdalar chalajon.

Do'stlar kulmang, bu hikmat

Matmusadan qariroq,

Nog'orayu karnakdan

Yuring doim nariroq.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 28 Sentyabr 2008, 07:41:08
13. Matmusaning mexmondo'stligi

Mehmon juda azizdir

Donishqishloq tomonda

Derlar, mayli biz o'lsak

Mehmon bo'lsin omonda.

Mana, shaharlik mehmon

Qishloq kezib yuribdi.

Unga go'zal tabiat

Ma'qul bo'lib turibdi.

Ayniqsa to'palon soy

Mehmonga ёqib ketdi,

Ox-oh deb suvga tushdi,

Tushdi-yu oqib ketdi.

Goh cho'kar, goh ko'rinar,

Dod solar: «Qutqaringiz»,

«Spasite», «dast bideh»,

«O may frend, SOS, pliz».

Ispancha, portugalcha,

Lotincha qichqiradi

Belni ushlab Matmusa

Hayron bo'lib turadi.

«Shuncha tilda dodlashni

O'rganish havasmidi,

Undan ko'ra suzishni

O'rgansang bo'lmasmidi».

O'lar holga yetganda

Suv kirib tomog'idan

Mehmonni olib chiqdi

Ushlab bo'yin bog'idan.

«Shaharlik shaharlikda»

Der Matmusa ko'nglida,

Kerakli arqonini

Olib yurar bo'ynida.

Qirg'oqqa chiqdi shoshmay

So'ng aqlini yuritib

Arqonidan daraxtga

Osib qo'ydi quritib.

Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 25 Oktyabr 2008, 17:50:59
Matmusaning eshagi

Matmusaning eshagi aynib qoldi daf'atan
Yaqinlaship bo'lmaydi na orttan na orqadan
QO'sh-qavat arqonni ham uzar bo'ldi haromi
Xangraganda olamni buzar bo'ldi xaromi

Yaqinlashib bo'lmaydi, koptok qilib otadi
Bo'ldi, endi Matmusa eshagini sotadi.
Lekin qadimdan qolgan bozordagi qoida
Nima sotsang aybini aytish kerak joyida

Hech kimsa Matmusadek qiyin xolga qolmaydi
Bachchag'arni aybini aytsang birov olmaydi
Aytmasang, yana gunoh, Matmusa ko'p o'yladi
O'ylab - o'ylab bozorda shunday deya so'yladi

Eshagim bor xaloyiq, o'ta yuvosh jonivor
O'zi eshak bo'lsa ham to'rtta otning kuchi bor
Eshagim chaqqon eshak, ko'p xushnafas eshagim
Lekin bitta aybi bor: odam emas eshagim
Bozor axli kulardi: "shunaqa ham bo'larmi?"
"Eshak axir eshakda, eshak odam bo'larmi"
"Boshqa aybi bo'lmasa bunday jonvor qayda bor"
Eshakni olib ketti arzonga bir xaridor

Qutuldim dep azobdan xursand bo'ldi matmusa
Pulni cho'ntakka solib uyga qaytti Matmusa
Qaytdi-yu, qoldi xayron: axvol o'sha kechagi,
Og'ilda bog'liq turar pishqirgancha eshagi

Aftodaxol xaridor yig'lab turar qoshida
Qo'li, oyog'i bog'liq, to'rtta g'urra boshida.
Matmusaga der: "Inson, iymoningdan qayttingmi?!"
-Eshak sotting, "tepadi", "tishlaydi" dep aytingmi.

Eshak emas ajdarku bu maxluqing, meni yer.
Mening boshqa gapim yo'q, eshakni ol, pulni ber.
Matmusa der "men senga bu eshakni sotganman"
-Xush yor bo'l dep tayinlab, odammas deb aytganman

Do'stlar siz ham Matmusa hikmatin unutmanglar
Eshaklardan hech qachon odamiylik kutmanglar
Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZUBAIR 25 Oktyabr 2008, 17:52:52
Bir kun do'stim Matmusa chuqur o'yga tolibdi,
Barcha dono fikrini bir mezonga solibdi.
"Xozir men ham biznesmen, omad quvgan bolaman.
Ish joyimda maoshni juda katta olaman.

Yana buning ustiga oylik oshgan o'tgan oy,
Xammasini bir olsam, qay cho'ntakka solaman?

Men xam endi boyvachcha bolalardek bo'layin,
"ASAKA BANK" plastik so'm kartasin olayin.

Uch foizdan har oyda foyda zarar qilmaydi,
Eng muhimi, xotinim pul olganim bilmaydi!

Bir million bo'lsa ham cho'ntakka joy bo'ladi
Agar naqd pul bo'lsa bormi, somon qopga to'ladi.

Buni kazo kazolar "Avtoritet" deyishar
Matmusaning kimligin ana shunda bilishar".
Shu xayolda Matmusa "so'm kartochka" olibdi,
Barcha oylik maoshin shu xisobga solibdi.
Pul ko'payib xisobda yurar og'zi quloqda.
Biroq, tinglang, xangomaning eng qizig'i bu yoqda:
Endi do'stim Matmusa choyxonaga bormaydi,
Sababi choyxonada "so'm kartochka" olmaydi.

Bankomatda naqd pul yo'q, kassir bola avraydi,
Uyga borsa xotini pul bering deb javraydi.

Ichmay qo'ydi aroq ham, nos xumori qilmaydi,
Axir oddiy nosfurush terminalni bilmaydi.

Kartochkada mablag'i kundan kunga oshadi,
Lek qarzdor xammadan, sabr kosa toshadi.

Xullas do'stim Matmusa pul topolmay netadi?
Tashlab bola chaqani Toshkent tomon ketadi!
Shunday qilib Matmusa boy bo'libdi nixoyat,
Aytib bersam yo'lini, bo'lar yangi xikoyat.
Nom: Re: Matmusa internetda
Yuborildi: ZAM-ZAM 25 Sentyabr 2009, 20:43:20
ofarin mantmusa!!!!!!1111 ;)