forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Islomiy kitoblar => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:41:59

Nom: Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:41:59
Hujjatul-islom Abu Homid G’azzoliy

IHYOU ULUMIDDIN
(Din ilmlarini jonlantirish)
Zakot sirlari kitobi

Tarjimon: Mubashshir Ahmad
Toshkent «Movarounnahr»



MUNDARIJA

Muqaddima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147799#msg147799)
Birinchi fasl. Zakotning turlari va vojib bo‘lish sabablari haqida (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147802#msg147802)
Ikkinchi fasl. (Zakotni) ado qilish va uning botiniy hamda zohiriy shartlari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147811#msg147811)
Zakotdagi nozik botiniy odoblarning bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147817#msg147817)
Uchinchi fasl. Zakot oluvchi va uning haqli bo‘lish shartlari hamda olish odoblari to‘g‘risida (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147839#msg147839)
Oluvchi vazifalarining bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147844#msg147844)
To‘rtinchi fasl. Ixtiyoriy sadaqa va uning fazilati hamda olish-berish odoblari xaqida (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147851#msg147851)
Sadaqa fazilatining bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147851#msg147851)
Sadaqani maxfiy va oshkor qilish bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147854#msg147854)
Sadaqa yoki zakot olishdan afzalining bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147862#msg147862)

MUQADDIMA

Bismillahir rohmanir rohiym.

Baxtli va baxtsiz qiladigan, o‘ldirib va tiriltiradigan, kuldirib va yig‘latadigan, bor qilib va yo‘q etadigan, faqir va boy qiladigan, zarar va foyda beradigan Allohga hamd bo‘lsin. Ul Zot jonzotni tomchi nutfadan xalq qilgan, so‘ng O’zi G’aniy sifati ila xalqdan ajragan, so‘ng ba’zi bandalarini yaxshilik bilan xoslagan hamda ularning ustidan boy va behojat qiladigan ne’matlarini xohlaganicha yog‘dirgan. Ayrimlariga esa imtihon va sinovni ko‘rsatib, rizqda umidsizlik va mashaqqatga solganicha muhtoj qilgan. So‘ng zakotni din uchun asos va usul etgan. Va O’z fazli bilan (molini zakot ila) poklagan bandalarini (kibr va ma’siyatdan) poklagan. Va G’aniyligi bilan undagi narsani ko‘paytirgan. Xalqning sayyidi va hidoyat quyoshi bo‘lgan Muhammad Mustafoga, oilalariga va ilmu taqvo bilan xoslangan ashobiga salovot bo‘lsin.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:42:28
Ammo ba’d, albatta Alloh taolo zakotni Islom ustunlaridan biri qildi. Alloh taolo aytadi:

«Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar» (Baqara surasi, 43-oyat). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Islom besh narsaga bino bo‘lgandir: Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning quli va rasuli ekaniga guvohlik bermoq; namozni to‘kis ado qilmoq; zakotni bermoq...» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Va Alloh taolo zakotga e’tiborsizlarga va’idni qattiq qilib dedi:

«Oltin-kumushni bosib, uni Alloh yo‘lida infoq-ehson qilmaydigan kimsalarga alamli azob «xushxabarini» yetkazing!» (Tavba surasi, 34-oyat.) «Alloh yo‘lida infoq»ning ma’nosi zakot haqqini chiqarib bermoqdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:42:40
Ahnaf ibn Qays aytadilar: «Men Qurayshdan bo‘lgan bir necha kishi bilan edim. Shunda Abu Zarr o‘tib qolib: «Oltin-kumushlarini bosib qo‘yuvchilarga oldilariga bosilsa, yonlaridan chiqadigan, gardanlariga bosilsa, peshonalaridan chiqadigan kuydiruvchi tamg‘a «xushxabar»ini bering, dedilar». Boshqa bir rivoyatda kelishicha, shunday dedilar: «U birlarining ko‘krak uchiga qo‘yilsa, yelka  kuragidan chiqadi. Va yelka kuragiga qo‘yilsa, ko‘krak uchini titratib chiqadi». Abu Zarr aytadilar: «Payg‘ambarning (s.a.v.) oldilariga yetib borsam, ul zot Ka’ba soyasida o‘tirgan ekanlar. Meni ko‘rgach: «Ka’ba Parvardigoriga qasamki, ular zarar ko‘ruvchilardir», dedilar. Men: «Ular kimlar?» dedim. «Ular mollari ko‘p kishilardir. Illo, oldidan ham, orqasidan ham, o‘ngidan ham, so‘lidan ham shunday, shunday, deya (molini sochgan) kishilar bundan istisno. Ular esa juda ham kamdirlar. Agar tuya, sigir va qo‘y egasi ularning zakotini ado etmasa, ushbu mollar qiyomat kunida eng katta va eng semiz holda kelib, egasini shoxlari bilan suzib, tuyoqlari bilan tepkilab tashlaydi. Agar biri ishini oxiriga yetkazsa, to odamlar o‘rtasida hukm o‘qilmaguncha boshqasi qaytib kelaveradi», deb aytdilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Demakki, bu dahshatlar «Sahihayn»da kelgan ekan, zakotning sirlarini, oshkor va maxfiy shartlarini hamda zohiriy va botiniy ma’nolarini zakot beruvchi va oluvchining bilishiga yetarli miqdorda qisqacha ochib berish dinning muhim ishlaridan bo‘lib qoldi. Bu esa to‘rt faslda ayon bo‘ladi:

Birinchi fasl zakotning turlari va vojib bo‘lish sabablari haqida.
Ikkinchi fasl uning odob, botiniy va zohiriy shartlari haqida.
Uchinchi fasl oluvchi, uning haqlilik shartlari va olish odoblari to‘g‘risida.
To‘rtinchi fasl ixtiyoriy sadaqa va uning fazilati xususida.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:42:59
Birinchi fasl
Zakotning turlari va vojib bo‘lish sabablari haqida


Zakotlar aloqadorlik e’tibori bilan olti turlidir: chorva mollari zakoti; oltin (tilla) va kumush zakoti; tijorat mollari zakoti; topilma ma’danlar zakoti; ushr zakoti; fitr zakoti.

Birinchi nav - chorva mollari zakoti: bu va boshqa zakotlar ozod musulmongagina vojib bo‘ladi. Balog‘atga yetgan bo‘lishi shart qilinmaydi. Balki sabiyning ham, jinnining ham molidan zakot berish shart. Bu zakot berish vojib bo‘lgan kishining shartlaridir (bizning hanafiy mazhabimizda zakot berishga ozod, musulmon, oqil va balog‘atga yetgan kishi bo‘lishi shart qilinadi).

Ammo moldagi shartlar esa beshtadir: u chorva, o‘tlovchi bo‘lib, bir yil turgan, komil nisobga yetgan va tom ma’nodagi mulk bo‘lgan moldir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:43:09
Birinchi shart - uning chorva mol bo‘lishi. Demak, zakot faqat tuya, qoramol va qo‘ydan beriladi. Ammo ot, xachir, eshak va kiyik bilan qo‘y o‘rtasida tug‘ilgan hayvonlarga zakot yo‘qdir (Imom Abu Hanifaga ko‘ra, o‘tlovchi har bir ot uchun bir dinordan zakot beriladi).

Ikkinchi shart - o‘t-o‘lan bilan yaylovda boqilgan bo‘lishi. Yemlangan mollarda zakot yo‘qdir. Bir muddat o‘t-o‘lan bilan va bir muddat yem bilan boqilgan bo‘lsa hamda bu bilan ta’minoti zohir bo‘lsa, bunda ham zakot berilmaydi.

Uchinchi shart - yil o‘tishi. Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «To yil aylanmaguncha molda zakot yo‘qdir» (Abu Dovud yaxshi sanad bilan rivoyat qil-gan). Bundan molning nasli istisno qilinadi. Bunda aslga yil to‘lgani uchun zakot vojib bo‘ladi. Agar molni yil asnosida sotsa yoki hadya qilsa, yil hisobi to‘xtaydi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:43:16
To‘rtinchi shart - mulk va tasarrufning mukammal bo‘lishi. Masalan, garovdagi chorva mollarida zakot vojibdir. Ammo yo‘qolgan yoki tortib olingan mollarda faqatgina mol barcha ko‘payishlari bilan qaytsagina, zakot beriladi. Qaytgan paytda o‘tgan yillar uchun ham zakot lozim bo‘ladi (mazhabimizda zakot vojib bo‘lishi uchun molning ko‘payishi shart qilinadi, agar ko‘paytirishning iloji bo‘lmasa, zakot vojib emas). Agar unda molini to‘liq qamraydigan qarz bo‘lsa, zakot lozim emas. Chunki u bu moli bilan boy sanalmaydi. Zero, boy deb ehtiyojdan ortiq narsaga ega bo‘lgan kishiga aytiladi.

Beshinchi shart- nisobning komil bo‘lishi.

Tuyaning nisobi: tuyaning soni beshga yetguncha hech narsa berilmaydi. Beshta tuya uchun qo‘ydan bir jaza’a (ikkinchi yoshini yashayotgan qo‘y) yoki echkidan bir saniyya (uchga o‘tgan echki) beriladi. O’nta tuya bo‘lganda ikki qo‘y, o‘n beshtada uch qo‘y, yigirmatada to‘rt qo‘y beriladi. Yigirma beshta tuyada bir binti maxoz (ikki yoshli urg‘ochi tuya) beriladi. Agar molining ichida binti maxoz bo‘lmasa, ibn labun (uch yoshli erkak tuya) beradi. Urg‘ochisini sotib olishga qodir bo‘lsa ham, erkagi berilaveradi. Uttiz oltitada binti labun (uch yoshli urg‘ochi tuya), qirq oltitada hiqqa (to‘rt yoshli urg‘ochi tuya), oltmish bir dona bo‘lganda jaza’a (besh yoshli urg‘ochi tuya) beriladi. Tuyalar soni yetmish oltita bo‘lganda ikkita binti labun, to‘qson bittada ikki hiqqa, bir yuz yigirma bittada uchta binti labun beriladi. Tuya bir yuz o‘ttiztaga yetganda hisob barqaror bo‘ladi: har ellik tuyada bir hiqqa va har qirqtada bir binti labun beriladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:43:33
Qoramolning nisobi: qoramol o‘ttiztaga yetgandagina zakot vojib bo‘lib, bunda bitta tabi’ (ikki yoshli buqa) beriladi. Qirqtaga yetganda esa musinna (uch yoshli sigir) va oltmishtada ikkita tabi’ beriladi. Buyog‘iga hisob barqaror bo‘lib, har qirqtada musinna va har o‘ttiztada tabi’ zakot o‘laroq chiqariladi.

Qo‘yning nisobi: qo‘yning soni qirqtaga yetguncha zakot yo‘qdir. Shunda qo‘ydan jaza’a yoki echkidan saniyya beriladi. Keyin bir yuz yigirma bittaga yetgandagina qo‘shilib ikkita qo‘y beriladi. Ikki yuz bittaga yetganda uchta, to‘rt yuztada to‘rtta qo‘y zakotga beriladi. So‘ng hisob barqaror bo‘lib, har yuztada bir qo‘y beriladi. Aralash qo‘yning sadaqasi nisob to‘g‘risida bir mulkdorning nisobi kabidir. Agar ikki odam o‘rtasida qirqta qo‘y bo‘lsa, bundan bitta qo‘y beriladi. Agar uch kishining o‘rtasida bir yuz yigirmata qo‘y bo‘lsa, hammalari uchun bitta qo‘y vojib bo‘ladi. Qo‘shnilik aralash moli umumiy aralash molga o‘xshaydi. Lekin qo‘ylar birga yotmog‘i, birga sog‘ilmog‘i, birga sug‘orilmog‘i va birga o‘tlamog‘i hamda yaylovi bir bo‘lmog‘i shartdir. Shuningdek, qochirish ham birga bo‘lmog‘i va sheriklar hammasi ahli za-kot bo‘lmog‘i kerak. Zimmiy va mukotab bilan aralash bo‘lgan molga hukm yo‘qdir. Tuyada vojib bo‘lgan o‘lchovda yoshdan quyidagi yoshga tushish joiz, modomiki tushishda binti maxozdan pastlab ketilmasa. Lekin bunda yoshdagi kamchilikka bir yil uchun ikki qo‘y yoki yigirma dirham va ikki yil uchun to‘rt qo‘y yoki qirq dirham qo‘shib beriladi. Yana beruvchi yoshda yuqorilashi mumkin, modomiki bu ziyodalik jaza’adan o‘tib ketmasa. Zakot yig‘uvchining bunda ortiq olgani Baytulmoldan beriladi. Zakotda agar molning ba’zisi, agar bir donasi bo‘lsa ham sog‘lom ekan, kasal mol olinmaydi. Yaxshi moldan yaxshisi, yomonidan esa yemoni zakot uchun olinadi. Moldan bo‘rdoqiga boqilgani, homiladori, yangi tuqqani, qo‘chqori va eng yaxshisi olinmaydi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:43:46
Ikkinchi nav - ushr zakotlar: ushr har bir o‘suvchi va ozuqaga g‘amlangan sakkiz yuz mannga yetgan o‘simlikda vojib bo‘ladi (1 mann=900 gr.). Bundan kamida hech narsa berilmaydi. Shuningdek, mevalar va paxtada ham zakot yo‘qdir. Lekin g‘amlangan donlarda, xurmo va mayizda zakot beriladi. Sakkiz yuz mann quruq xurmo va mayizligida e’tiborga olinadi, ho‘l xurmo va uzumda emas. Bularning barchasidan qurigandan keyin zakot chiqariladi. Umumiy aralash molda sheriklardan birining moli boshqasiniki bilan to‘ldiriladi. Masalan, merosxo‘rlar o‘rtasidagi mushtarak bog‘dan hammalariga sakkiz yuz mann mayiz tegsa, barchalariga hissalari miqdoricha sakson mann mayiz berish vojib bo‘ladi. Bu to‘g‘rida qo‘shnichilik aralashmasi e’tiborga olinmaydi. Bug‘doyning nisobi arpa bilan to‘ldirilmaydi. Ammo arpaning nisobi sult (arpa navlaridan biri) bilan bir nav bo‘lgani uchun to‘ldirilaveradi. Bu oqin suv yoki kanal bilan sug‘orilgandagi vojib miqdordir.

Agar chelaklab yoki charxpalak bilan sug‘orilgan bo‘lsa, yigirmadan bir qismini berish vojib bo‘ladi. Agar ikki tur bilan ham sug‘orilgan bo‘lsa, g‘olib qism e’tiborga olinadi.

Ammo vojibning sifatiga kelsak, xurmo, quruq mayiz va donda qurigan holdagisi e’tiborlidir. Uzum va ho‘l xurmodan olinmaydi. Illo, daraxt va ekinlarga ofat yetib, pishmasidan oldin uzishni manfaat taqozo qilib qolsa, ho‘l xurmodan ham olinadi va molikka to‘qqiz, kambag‘alga bir hissa qilib o‘lchab beriladi. Bizning taqsimlash ham, ba’y degan so‘zimiz bunday taqsimotdan man etolmaydi. Balki bunday holatlarda ehtiyoj borligi uchun ruxsat beriladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:43:54
Uchinchi nav - tilla va kumush zakoti: agar Makka vazni bilan toza tangada ikki yuz dirham kumushga bir yil to‘liq o‘tsa, besh dirham beriladi. Bu qirqdan bir deganidir. Agar bir dirham bo‘lsada, ortsa, mana shu hisob bilan chiqariladi. Tillaning nisobi esa Makka vazni bilan toza yigirma misqolga tengdir. Bunda ham qirqdan bir zakot beriladi. Bundan ortig‘i shu hisob bilan chiqariladi. Agar bir habba (zira) miqdori bo‘lsada, nisobga yetmay qolsa, zakot yo‘qdir. Kimda qalbaki dirham bo‘lsa va unda toza tangadan shu miqdor topilsa, zakot vojib bo‘ladi. Shuningdek, yombida, tilla kumush idishlar, erkaklarning tilladan yasalgan ulovlari kabi man etilgan ziynatlardan ham zakot berish lozim. Lekin muboh ziynatlarda lozimmas. Berishga qodir bo‘lingan qarzga zakot vojib bo‘ladi. Lekin uni to‘liq qaytarib olgan bo‘lsa, beriladi. Agar qaytarishga muddat belgilangan bo‘lsa, o‘sha muddat o‘tishi bilangina zakot lozim bo‘ladi.

To‘rtinchi nav - tijorat zakoti: u ham tilla va kumushning zakotidekdir. Bunda yil hisobi agar nisob naqd pul bo‘lsa, matoni sotib olgan pulga ega bo‘lgan vaqtdan boshlanadi. Agar bu naqd pul noqis bo‘lsa yoki tijorat niyatida mato sotib olgan bo‘lsa, yil sotib olgan vaqtdan boshlanadi. Zakot mamlakat pul birligidan ado qilinadi va u bilan belgilanadi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:44:05
Agar unda naqd sotib olgan narsa bo‘lib, uning miqdori komil nisobga yetgan bo‘lsa, mamlakat pul birligidan ko‘ra uni qiymatlash a’loroqdir. Kim shaxsiy moli to‘g‘risida tijoratni niyat qilsa, to bir narsa sotib olmaguncha niyatning o‘zi bilan yil hisobi boshlanmaydi. Agar yil to‘lmasdan burun tijorat niyatini buzsa, zakot soqit bo‘ladi. Mana shu yildan zakotni ado qilmoq a’lodir. Yil oxirida moldagi foydadan dastmoyaga yil to‘lgani uchun zakot vojib bo‘ladi. Hayvonlar naslida bo‘lgani kabi yil qaytadan boshlanmaydi.

Sarroflar mollarida boshqa tijoratlarda bo‘lgan kabi joriy almashtirishlar bois yil uzilmaydi. Qarz molidagi foyda zakoti taqsimlashdan oldin bo‘lsa omilgadir. Qiyoslaganda eng ma’quli shudir.

Beshinchi nav - rikoz va ma’danlar zakoti: rikoz - johiliyatda ko‘milib islomda hali unga mulk hukmi joriy bo‘lmagan, yerda topilgan moldir. Buni topganga tilla va kumushda xums, ya’ni beshdan birini berish vojib bo‘ldi. Bunda yilning e’tibori yo‘qdir. Yana nisobni etiborga olmaslik a’lodir. Chunki unga xumsning vojib bo‘lishga uning g‘animat (urushda qo‘lga kiritilgan) molga o‘xshashligini ta’kidlaydi. Yana zakot e’tabori ham uzoq emasdir. Chunki uning sarf o‘rni zakotnikidekdir. Shuning uchun ham sahih qavlga ko‘ra, u tilla va kumushga xosdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:44:15
Ammo ma’dan bo‘lsa - bunda tilla va kumushdan boshqa chiqqan narsalarda zakot yo‘qdir. Bu holda ular maydalab tozalangandan keyin qirqdan biri beriladi. Bu to‘g‘ridagi ikki xil so‘zning ishonchlisi mana shudir. Shu sababli ham bunda nisob e’tiborga olinadi. Yil to‘g‘risida esa ikki xil so‘z bor. Bir so‘zga ko‘ra, xums vojib bo‘ladi va shuning e’tibori bilan yil e’tiborga olinmaydi. Nisob to‘g‘risida ham ikki xil so‘z bordir. Bu to‘g‘rida ma’qulrog‘i Alloh taolo nazdidagi ilm - vojib miqdorda tijorat zakotiga qo‘shiladi. Chunki bu ham kasb qilishning bir navidir. Yil to‘g‘risida esa ushrli narsalarga qo‘shilib, yil e’tiborga olinmaydi. Ushrli narsalar kabi nisob e’tiborga olinadi. Ehtiyoti esa ozdan ham, ko‘pdan ham xums chiqarishdir. Yana tilla va kumushning o‘zidan berish lozimki, bu ixtiloflardan chiqish uchundir. Chunki bular ziddiyatga yaqin gumonlardir. Bu to‘g‘rida fatvoga jazm qilish ishtibohga duch kelingani uchun xatarlidir.

Oltinchi nav - fitr sadaqasi: u Rasululloh (s.a.v.) tillari bilan har bir musulmonga vojib qilingandir. Fitr sadaqa o‘z yemagi va boqadigan kishilarning yemagidan orttirib, Rasululloh (s.a.v.) so’lari kabi, ya’ni 2,33 mann miqdorida beriladi (1 mann - 900 gr). U yemagi jinsidan yoki undan afzal narsadan chiqariladi. Agar bug‘doy yesa, arpadan bersa, joiz bo‘lmaydi. Agar har xil bug‘doy ishlatsa, yaxshisini tanlaydi. Qaysi turidan chiqarsa ham, joiz bo‘ladi. Uni taqsimlash zakot mollarini taqsimlashdekdir, ya’ni hamma sinflarni o‘z ichiga olishi vojib bo‘ladi. Undan va tolqondan chiqarish joiz emas.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:44:29
Musulmon kishiga xotini, qullari, bolalari va ota-onasi kabi nafaqasidagi qarindoshlari uchun ham fitr sadaqa chiqarish vojib bo‘ladi. Payg‘ambar (s.a.v.): «Ta’minotingizda bo‘lgan kishilardan fitr sadaqani ado eting!» deganlar (Doriqutniy va Bayxaqii rivoyatlari). Sheriklikka olingan qulning sadaqasi sheriklarga vojib bo‘ladi. Kofir qul uchun sadaqa lozimmas. Agar xotin sadaqasini o‘zi berishni xohlasa, joizdir. Er uning ruxsatisiz ham beraveradi. Agar ba’zilari nomidan ado etadigan moldan ortib qolsa, ayrimlaridan ado etaveradi. Oldinga qo‘yishga loyiqrog‘i nafaqasi ta’kidlangan kishidir. «Rasululloh (s.a.v.) bolaning nafaqasini xotinga, uning nafaqasini esa xodimning nafaqasiga muqaddam qilganlar» (AbuDovud, IbnHibbon, Hokim va Nasaiylar rivoyati).

Bular boy kishi bilishi kerak bo‘lgan fiqhiy hukmlardir. Agar unga bulardan tashqarida bo‘lgan nodir voqealar uchrab qolsa, bunda voqea sodir bo‘lganda zikr qilganimiz miqdorni bilgandan so‘ng fatvo so‘rashga tayanishi lozim bo‘ladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:44:42
Ikkinchi fasl
(Zakotni) ado qilish va uning botiniy hamda zohiriy shartlari


Bilgilki, zakot ado qiluvchining besh ishga rioya etmog‘i vojib:

Birinchisi - niyat. Beruvchi farz zakotni qalbi bilan niyat etmog‘idir. Unga mollarni tayin etmoq sunnatdir. Agar uning g‘oib (qo‘lida bo‘lmagan) moli mavjud bo‘lsa, «Bu g‘oib molimdan», deydi. Agar u mol salomat bo‘lsa joiz, illo, u nafldir. Chunki u buni ochiq aytmadi. Mutlaq aytganda ham shunday hukm bo‘lardi.

Valiyning niyati majnun va sabiyning niyati o‘rniga o‘tadi. Sultonning niyati esa zakotdan to‘silgan molik (mol egasi) niyati o‘rnida bo‘ladi. Lekin bu dunyo hukmi zohiridadir, ya’ni undan talab qilishni to‘xtatish uchundir. Ammo oxirat hukmiga tegishli emas. Balki zakotni qaytadan bermaguncha uning zimmasidan soqit bo‘lmaydi. Agar zakotni ado qilishga vakil tayinlasa va vakil qilishda niyat etsa yoki vakilga niyat bilan topshirsa kifoya etadi. Chunki niyat bilan vakil qilish niyatdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:44:54
Ikkinchisi - yil to‘lishi bilan zakot berishga shoshish. Fitr zakotini (hayit) kunidan kechiktirmaydi. Uning vojib bo‘lish vaqti ramazon oyi oxirgi kunining quyoshi botishi bilanoq kiradi. Erta berish vaqti esa ramazon oyining hammasidir. Imkoni bo‘la turib kim molining zakotini kechiktirsa, gunohkor bo‘ladi. Haqli kishiga yo‘liqqani holda moliga talofat yetsa, zakot undan soqit bo‘ladi. Zakotni erta berish nisob komil bo‘lganidan va yil boshlanganidan keyin bo‘lishi sharti bilan joizdir. Ikki yillik zakotni erta berish ham mumkin. Qanchalik erta bersa ham yil to‘lmasidan oldin miskin o‘lsa, dindan qaytsa yoki erta berilgan zakotdan boshqa narsa sababli boy bo‘lib qolsa yo molikning moliga talofat yetsa yoxud o‘zi o‘lsa, berilgan narsa zakot hisoblanmaydi. Qaytarib olish esa mumkin emasdir. Illo, berishda qaytarib olishni shart qilsa mumkindir. Shuning uchun erta bergan kishi shularning oxirini va oqibat xayrligini nazorat qilsin.

Uchinchisi - qiymat e’tibori baland badalni chiqarmaslik, balki dalilda kelgan narsani berishdir. Tilladan kumush va kumushdan tilla berish joiz emas, garchi u qiymatda kumushdan ziyoda bo‘lsa ham. Shofe’iy (r.a.)ning maqsadini bilmagan ayrim kimsalar bu to‘g‘rida bepisand bo‘lishadi va maqsad ehtiyojni qondirish deb o‘ylashadi. Bu kishilar tahsildan qanday ham yiroqlar. Chunki ehtiyojni qondirish maqsadning hammasi emas, balki ayrimidir. Chunki shariat vojibotlari uch qismdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:45:08
Birinchi kism: xolis bandalik. Bunda nasiba va g‘arazlarga yo‘l yo‘qdir. Bunga hajda shaytonga tosh otish misol bo‘ladi. Zero, tosh unga yetib borishida jamra (tosh otiladigan joy)ning nasibasi yo‘qdir. Shariatning bundagi maqsadi-ma’nosi tushunilmaydigan fe’l bilan bandaning qulligi va ubudiyatini izhor qilishi uchun amal bilan imtihon etishdir. Chunki aql ma’nosi tushunarli narsaga (inson) tabiat(i) yordam beradi va unga chaqiradi. Shundan qullik va bandalik ixlosi zohir bo‘lmaydi. Zero, ubudiyat, harakat boshqa ma’noda emas, faqat ma’budning haqqida bo‘lishi bilan yuzaga keladi. Hajning ko‘pgina amallari mana shunaqadir. Shuning uchun Rasululloh (s.a.v.): «Bandalik va qullik qilgan holda haqiqiy hajga ijobat qildim», dedilar. Bu bilan ubudiyatni izhor qilmoqqa tanbeh etdilar. Shundayki, bunda amrning o‘zi bilanoq bo‘ysunish va unga moyil etib, qiziqtiradigan aqlga yaqin bo‘lmay, qanday buyurilsa, shunday ushlash bilan bandalikni izhor etish bordir. Bu amrning o‘ziga bo‘ysunish va mahkam ushlash bilan bo‘ladi. Shuningdek, unda u sababli moyil bo‘linadigan va qiziqiladigan aqlning ishtiroki bo‘lmaydi
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:45:17
Ikkinchi kism: shariat vojibotlaridan bandalik qasd qilinmasdan, aql ishlatilgan nasiba kuzlaganlar bordir. Odamlarning qarzini uzishi va bosib olingan narsalarni qaytarishi bunga misol bo‘ladi. Bunda gunoh yo‘q, unda fe’li va niyatiga e’tibor etilmaydi. Qanday bo‘lmasin, haq olish yoki rozilik bilan almashtirish orqali Haqdorga yetib borsa vojib ado bo‘ladi, shariat xitobi soqit bo‘ladi. Bu ikki qismda murakkablik yo‘q. Odamlarning hammasi bularni idrok etadi. Uchinchi qism: bu ikki amr barobar qasd qilingan murakkab qismdir. U bandalar nasibasi va qulchilik bilan mukallafni imtihon qilishdir. Bunda tosh otishning qulchiligi va haqlarni qaytarish nasibasi jamlanadi. Bu qism o‘zi aqlga to‘g‘ri kelib, agar unga shariat vorid bo‘lsa, ikki ma’noning o‘rtasini jamlash kerak bo‘ladi. Va ma’nolarning nozigi - bandalik va qullikni ravshanligi sababli unutish mumkin emas. Chunki nozigi muhimdir. Zakot ham shu qabildadir. Shofe’iydan (r.a.) boshqalar bunga e’tibor qilishmagan. Faqirning nasibasi ehtiyojini qondirishda qasd qilingan. U aniq va fahmga tez keladi. Bandalik haqqi tafsilotlarga ergashishda shariat uchun qasd qilingandir. Mana shuning e’tibori bilan zakot Islom binolaridan ekanligida namoz va haj bilan barobar bo‘ldi. Molining jinslarini ajratishda va har molining navi, jinsi va sifatidan hissani chiqarishda, keyin bayoni quyida keladigan sakkiz toifaga taqsimlashda uni mukallafga qiyin ekanligiga shubha yo‘qdir. Bu to‘g‘rida beparvolik qilish faqirlik nasibasiga dog‘ tushirmasa-da, bandalikka zarar beradi. Va navlarni tayin etish bilan qasd qilinganini bildiradi. Bular fiqhdan bo‘lgan ixtilof kitoblarda zikr etganimiz ishlardir. Bulardan eng ravshani, albatta shariat har besh tuyaga bir qo‘yni vojib etganidir. Bunda tuyadan zakot pul yoki qiymatlashga emas, balki qo‘yga beriladi. Bu hol arablarda pul kamligi bilan izohlanmoqchi bo‘lsa, kamchilikni to‘ldirishda ikki qo‘y bilan birga yana yigirma dirhamni zikr etish bilan bekor bo‘ladi. Nima uchun kamchilikni to‘ldirishda qiymatdan nuqson miqdori zikr qilinmadi? Nima uchun yigirma dirham va ikki qo‘y qilib belgilandi? Vaholanki, kiyim-kechak va mato-mollarning hammasi uning ma’nosida bo‘lsa. Bu va bunga o‘xshash xususiyatlar zakot ham hajda bo‘lgani kabi bandalikdan xoli qoldirilmaganligiga dalolat qiladi. Lekin baribir ikki ma’noning o‘rtasi birlashtiriladi. Zaif zehnlar bundagi murakkabliklarni idrok etishga qosirlik qiladi. Bu esa noto‘g‘ri tushunchalarni qo‘zg‘aydi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:45:26
To‘rtinchisi - sadaqani boshqa shaharga olib bormaslik. Chunki har bir shahar kambag‘allarining ko‘zi o‘sha shahar mollariga boqadi. Olib borishda esa gumon borligi uchun umidsizlik yuzaga keladi. Bir qavlda bunday qilsa, joiz deyilgan (Imom Abu Hanifa aytganlar: «Zakotni shahardan shaharga olib yurish makruh. Magar boshqa shaharda ehtiyojmand qarindoshlari yoki hamshaharlaridan ko‘ra muhtojroq qavm bo‘lsagina joiz. Bu hollarda zakotni shahridan boshqa joyga olib borish joiz».). Lekin ixtilof shubhasidai chiqish afzaldir. Har bir molning zakotini o‘sha shaharda chiqarsin. So‘ng o‘sha shaharga kelib qolgan g‘ariblarga tarqatishning ham hechqisi yo‘qdir.

Beshinchisi - molini shahrida mavjud sinflar adadicha taqsimlamoq. Chunki sinflarning hammasini qamrab olish vojib. Bunga Alloh taoloning:

«Albatta sadaqalar faqir va miskinlargadir» (Tavba surasi, 60-oyat) so‘zi bunga dalolat qiladi. Bu o‘lim to‘shagidagi bemorning: «Molim ning uchdan biri faqir va miskinlargadir», degan so‘ziga o‘xshaydi. Bu ham mulk qilib berishda sheriklikni taqozo etadi (ya’ni, bu so‘zlarning arabcha shaklida sheriklik lomi mavjud). Ibodatlarda zohirlarga hujum qilishdan saqlanish lozim bo‘ladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:45:35
Sakkiztadan ikkita sinf ko‘p mamlakatlarda topilmaydi. Bular: qalblari ulfat qilinganlar; zakot yig‘uvchilar. Boshqa mamlakatlarda esa to‘rt sinf mavjud: faqirlar; miskinlar; qarzdorlar; musofirlar. Ikki sinf esa ba’zi mamlakatlarda bo‘lib, boshqasida topilmaydi. Ular g‘oziylar; mukotablar. Agar, masalan, beshta sinf topilsa, zakotining molini ular o‘rtasida teng yoki yaqin qilib beshga taqsimlaydi. Va har bir sinf uchun bir qism tayin qiladi: So‘ng har bir qismga uch hissa yoki ko‘proq belgilaydi. Bu taqsimot teng yoki yaqin bo‘ladi. Unga sinf kishilari o‘rtasida tenglikka rioya qilishi shart emas. O’ntaga yoki yigirmataga taqsim qilishi mumkin. Har birining nasibasini kamaytira oladi. Ammo sinflarning o‘zi esa ziyoda va nuqsonni qabul qilmaydi. Agar topilsa, har bir sinfda uchtadan kam qilmaslik lozim bo‘ladi. Fitr sadaqada ham beshta sinf topilsa, undagi kishilar sonini o‘n beshtaga yetkazish vojibdir. Agar imkoni bo‘la turib ularni bittaga kamaytirsa, ana shu bir kishining nasibasiga jarima to‘laydi. Agar unga vojib o‘laroq beradigan moli kamligi uchun qiyin bo‘lsa, zakot berishi lozim jamoaga sherik bo‘lsin hamda o‘z molini ularniki bilan aralashtirsin. So‘ng olishga haqli kishilarni yig‘ib, ularga molni topshirsinki, bunda ular hissador bo‘lsinlar. Chunki zakotda shunday qilmoq lobiddir (Imom Abu Hanifa mazhablarida zakotni sakkiz sinfdan biriga bersa bo‘ladi. Ulamolarimiz aytishlaricha, mol egasi ixtiyorlidir. Agar xohlasa, sakkiz sinfning hammasiga beradi. Xohlasa, bir sinf bilan chegaralanadi. Shuningdek, xohlagan sinfidan faqat bir kishiga ham berishi mumkin. Bu sahobalardan Umar ibn Xattob, Ali, Ibn Abbos, Maoz ibn Jabal, Huzayfa va boshqalarning so‘zlaridir. Bu to‘g‘rida ular o‘rtasida ixtilof bo‘lmaganidan ushbu hukm ijmoan sobitdir. «Al-Kanz» sharhida shunday deyilgan.)
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:45:51
Zakotdagi nozik botiniy odoblarning bayoni

Bilgilki, oxirat yo‘lining muridiga zakotda bir necha vazifalar bor:

Birinchi vazifa - zakotning vojibligi va ma’nosini fahmlamok. Undagi imtihon mazmunini tushunmoq hamda uning badaniy ibodat emas, faqat moliyaviy tasarruf bo‘lgani holda nega Islom binolaridan qilinganini anglamoq. Bu uch xil sharhlanadi.

Birinchi ma’no: shahodat kalimasini talaffuz etmoq, ya’ni tavhidni shart qilmoq, ma’bud yolg‘izligiga iqror bo‘lmoq va muvahhid uchun Yakka, Yolg‘iz Zotdan o‘zga mahbub qolmasligi vafo komilligining shartidir. Chunki muhabbat sheriklikni qabul etmaydi. Til bilan bo‘lgan tavhidning manfaati kamdir. Balki muhibning darajasi mahbubdan ayrilish bilan sinaladi.

Mol xalq nazdida mahbubdir. Chunki u dunyodan lazzat olish asbobidir. U sababli olam bilan do‘stlashishadi, mahbubga yo‘liqish bo‘lgani holda o‘limdan nafratlanishadi. Bas, bunda mahbub to‘g‘risidagi da’volarida sinovga yo‘liqdilar hamda ohanrabo va ma’shuqalari bo‘lmish moldan ayrildilar. Shuning uchun ham Alloh taolo:

«Albatta Alloh mo‘minlarning jonlarini va mollarini ulardan jannat barobariga sotib oldi», (Tavba surasi, 111-oyat) deydi. Bu esa jihod yo‘li Allohga yo‘liqishga shavq etgani uchun nafs bilan saxiylik qilmoqdir. Mol bilan saxovat qilish esa yengilroqdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:46:02
Bu ma’no tushunilganda odamlar mol sarfiyoti bo‘yicha uch qismga bo‘lindilar.

Birinchi kism - tavhidda rost bo‘lib, ahdi vafo qildilar. Va barcha mollaridan voz kechib, bir dinor yoki dirham ham saqlamadilar. Zimmalariga zakot vojib bo‘lishkdan bosh tortdilar. Hatto birlaridan: «Ikki yuz dirhamga qancha zakot vojib bo‘ladi?» deb so‘rashganida, shunday degan ekanlar: «Ommaga bo‘lsa, shariat hukmi bilan besh dirham. Bizga esa hammasini sarf etmoq vo-jib bo‘ladi». Shu bois Abu Bakr Siddiq (r.a.) mollarining hammasini, Umar (r.a.) esa yarmini sadaqa qildilar. Payg‘ambar (s.a.v.): «Ahli ayolingga qanchasini qoldirding?» deganlarida, Umar (r.a.) «Shunchasini», degan javobni berdilar. Abu Bakrga (r.a.) ham: «Ahli ayolingga qanchasini qoldirding?» deganlarida, u kishi: «Faqat Alloh va Uning rasulini», deb javob qildilar. Shunda Rasululloh (s. a. v.): «O’rtangizda aytgan so‘zlaringizchalik farq bordir», dedilar. Siddiq mukammal sidqqa vafo qildilar, nazdlaridagi mahbubdan boshqasini, Alloh va Uning rasulidan boshqasini tutmadilar.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:46:13
Ikkinchi kism: bularning darajasi ularnikidan quyiroqdadir. Bular mollarini saqlab turadilar, ehtiyoj vaqtlari, xayriyat mavsumlarini kutadilar. Molni saqlashdan maqsadlari hammasini emas, hojat miqdoricha infoq etmoqdir. Ehtiyojdan ortganini qanday bo‘lmasin, yaxshilik yo‘llariga sarflamoqdir. Bular zakot miqdorida chegaralanib qolmaydilar. Tobe’inlardan Sha’biy, Naxa’iy, Ato va Mujohid kabi bir jamoa molda zakotdan ham boshqa huquq borligini aytganlar. Sha’biyga: «Molda zakotdan ham boshqa haq bormi?» deyishganida, u zot: «Ha! Alloh taoloning:

«O’zi yaxshi ko‘rib turib molini karindosh-urug‘lariga ... beradigan», (Baqara surasi, 177) degan oyatini eshitganmisan?» dedilar. Ular yana Alloh taoloning quyidagi so‘zlarini ham dalil qilishadi:

«Biz ularni bahramand qilgan narsalardan infoq-ehson qiladilar» (Anfol surasi, 3-oyat).

«Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilingiz!» (Munofiqun surasi, 10-oyat.) Va bular zakot oyati bilan mansux bo‘lmagan, balki u muslimning muslim ustidagi haqqiga doxil deyishadi. Buning ma’nosi boy kishi qaerda muhtoj kishini topsa, uning hojatini zakot molidan tashqari ham chiqarishi lozim, deganidir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:46:29
Fiqhda bu bobdan sahih bo‘lgani shuki, uni (kambag‘alni) hojat qanchalik qiynasa, qiyinchilikni ketkazish farzi kifoya bo‘ladi. Lekin boy kishiga hojatni ketkazadigan narsani qarz bermoq kerak, deb aytilishi ham ehtimol qilinadi. Unga o‘zidan zakotni soqit etganidan keyin sarfiyot lozim bo‘lmaydi. Va yana ehtimol qilinadiki, darhol sarfiyot lozim bo‘ladi, unga qarz berish joiz emas, ya’ni kambag‘alga qarz qabul etishni taklif etish joiz bo‘lmaydi deb aytilishi ham mumkin. Bu ixtilofli masala. Qarz berish avom darajasidan oxirgi darajaga tushishdir. Bu uchinchi kism darajasi bo‘lib, bunga kirganlar vojibni ado qilish bilan kifoyalangan, undan ko‘paytirmaydigan va kamaytirmaydigan eng past rutbada bo‘lgan darajadadir. Avomning molga baxilligi, unga moyilligi va oxiratga muhabbati zaif bo‘lgani uchun bu bilan kifoyalanishadi. Alloh taolo aytadi:

«Agar (Alloh) sizlardan (mol-dunyolaringizning barchasini) so‘rab, sizlarni qiynaydigan bo‘lsa, sizlar baxillik kilursizlar» (Muhammad surasi, 37-oyat).

Ikkinchi ma’no - baxillik sifatidan poklanish. Chunki bu halok qiluvchidir. Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Uch narsa halok qiluvchidir: itoat qilinadigan baxillik; ergashiladigan kibr-havo; kishining o‘zi bilan mag‘rurlanishi». Alloh taolo aytadi:

«Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa bas, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat). Uning halok qiluvchilik sababi va undan saqlanish kayfiyati «Halok qiluvchilar choragi»da keladi. Baxillik sifati molni sarflashga o‘rganish bilan ketadi. Bir narsaga muhabbat hatto odatga aylanguncha nafsni o‘sha narsadan ajrashga majburlash bilangina to‘xtaydi. Za-kot shu ma’no bilan poklovchidir, ya’ni egasini halok qiluvchi baxillik razolatidan poklaydi. Uning poklashi sarfiyot miqdori va chiqarib berishga xursandligi hamda Alloh taolo yo‘lidagi xarajatga xursandligi miqdoricha bo‘ladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:46:41
Uchinchi ma’no - ne’matga shukr. Chunki Alloh azza va jallaning bandasi ustida nafsi va moliga oid ne’mati bordir. Badaniy ibodatlar - badan ne’matiga shukr bo‘lsa, moliyaviy ibodatlar - mol ne’matiga shukrdir. Rizqi tor va molga muhtoj kambag‘alni ko‘rib, tilanish va boshqacha muhtojlikdan istig‘no etib qo‘ygan Alloh taologa shukrona qilish maqsadida molining qirqdan yoki yigirmadan birini berishga nafsi yo‘l qo‘ymagan kishi qanday tubandir!

Ikkipchi vazifa - ado qilish vaqtida bo‘ladi. (Zakotni) vojib bo‘lish vaqtidan oldinga tezlatish diyonatli kishi odobidandir. Bunda kambag‘al va miskinlar qalbiga surur bag‘ishlash (ga bo‘lgan Allohning amrini) mahkam ushlashga rag‘batni izhor etish va ezguliklardan mahrum qiladigan zamon mone’liklari borligi uchun tezlashish bordir. U biladiki, kechiktirishda vojib vaqtdan kechikkanligi uchun banda yo‘liqadigay isyonlar bilan birga ofatlar ham bordir. Ichidan yaxshilikka chorlovchi ovoz eshitishi bilan uni g‘animat bilmog‘i lozim bo‘ladi. Chunki bu malakning kelishidir. Holbuki, mo‘mining qalbi Rahmon barmoqlari o‘rtasidadir (ya’ni, U xohlaganicha qalbni aylantiradi). Uning aylanib qolishi naqadar tez. Shayton esa faqirlikdan qo‘rqitadi, fahsh va munkar ishlarga buyuradi. Malakdan keyin uning ham kelishi bor. Shu bois fursatni g‘animat bilsin. Zakotiga, agar hammasini ado etsa, ma’lum oyni tayin qilsin. Qurbati ziyoda bo‘lib, zakoti ko‘payishi uchun eng qulay vaqtda berishga intilsin. Masalan, muharram oyi - u yilning boshi va xarom oylardan hisoblanadi. Yoki ramazon (oyi). Chunki: «Payg‘ambar (s.a.v.) xalqning eng saxiyi edilar. Ramazon (oyi)da esa unda hech narsa turmaydigan shamol kabi bo‘lardilar». Yana ramazonda laylatul-qadr fazilati bor. Va unda Qur’on nozil bo‘lgan. Mujohid aytadilar: «Ramazon demang, chunki u Alloh taoloning ismlaridan biridir. Balki ramazon oyi, denglar». Yoki zul-hijja ham fazilati ko‘p oylardandir. Chunki u xarom oydir, unda hajjul-akbar bordir. Ma’lum kunlar, ya’ni avvalgi o‘n kunlik va sanoqli kunlar, ya’ni kichik hayit kunlari ham undadir. Ramazon oyi kunlarining afzali - oxirgi o‘n kunlik, zul-hijja kunlarining afzali esa - avvalgi o‘n kunlikdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:46:50
Uchinchi vazifa-maxfiylik. Chunki bu riyo va sum’a (odamlar eshitsin uchun amal qilish - tarj.)dan yiroq holdir. Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «Sadaqalarning afzali - moli kamaygan kishining maxfiy holda faqirga g‘ayrat qilishidir» (Ahmad va Abu Dovud rivoyatlari). Ulamolardan biri deganlar: «Uch narsa yaxshilik xazinasidandir, ulardan biri sadaqani maxfiy qilishdir». Yana musnad Holda Payg‘ambar (s.a.v.)dan rivoyat qilinadi: «Agar banda bir amalni maxfiylikda qilsa, Alloh uni maxfiy, deb yozib qo‘yadi. Agar uni zohir qilsa, oshkoralikka yozib qo‘yadi. Agar bu amalni so‘zlab yursa, u maxfiylik va oshkoralikdan olinib, riyokorlikka yozib qo‘yiladi» (Xatib «At-Ta’rix»da zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Mashhur hadisda esa bunday keladi: «Yetti kishi borki, Alloh ularni faqat O’zining soyasi bor kunda soyalantiradi. Ulardan biri - sadaqa qilganda berganini o‘ng qo‘li bilib, chap qo‘li bilmay qolgan kishidir» (Imom Buxoriy va Muslim Abu Hurayradan (r. a.) rivoyat qilishgan). Xabarda keladi: «Maxfiy sadaqa Parvardigorning g‘azabini ketkazadi» (Bayxaqiy «Ash-sho‘‘ab»da, Abush-Shayx «As-savob»da zaif sanad bilan, Termiziy boshqa yo‘l bilan xasan, deya rivoyat qilishgan). Alloh taolo aytadi:

«Va agar maxfiy qilib faqir-kambag‘allarga bersangiz, bu o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir» (Baqara surasi, 271-oyat).
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:46:59
Maxfiylikning foydasi riyo va sum’a ofatlaridan xalos bo‘lishdir. Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Alloh eshittiruvchi, ko‘rsatuvchi va minnat qiluvchidan qabul qilmaydi» (bu ko‘rinishda naql kilinmagan). Sadaqasini gapiruvchi sum’ani istaydi. Odamlar yig‘inida beruvchi riyoni xohlaydi. Maxfiylik va sukut bulardan xalos etadi. Maxfiy berishning fazilati haqida bir jamoa mubolag‘a qilib, hatto oluvchi beruvchini ko‘rmasligi kerakligiga ijtihod qilishgan. Ba’zilari sadaqani ko‘zi ko‘r kishiga bergan bo‘lsa, boshqalari faqir o‘tadigan, u o‘tiradigan, sadaqani ko‘rib, beruvchini sezmaydigan yerga qo‘yishardi. Ayrimlar uxlayotgan faqirning kiyimiga tashlab ketsa, yana birlari faqir qo‘liga boshqa birov orqali berishardi. Bu shunday bo‘ladiki, beruvchi tanilmasdi, vositachi uning kimligini yashirardi va ehsonni oshkor etmaslikni tavsiya qilardi. Bularning barchasi Parvardigor subhanahuning g‘azabini ketkazish umidida va riyo hamda sum’adan saqlanish uchun amalga oshirilardi.

Qanchalik harakat qilmasin, biror odamning bilishidan qutula olmasa, bu holda bir vakilga berishi, vakil miskinga topshirishi va miskin bexabar qolishi afzaldir. Zero, miskinning bilishi riyo va minnat bo‘lsa, vakilning bilishi faqat riyodir. Maqsadi shuhrat bo‘lsa, amali bekor bo‘ladi. Chunki zakot baxillikni ketkazish va molga muhabbatni susaytirish uchundir. Obro‘ga muhabbat esa nafsni egallashda molga muhabbatdan kuchliroqdir. Bu ikkovining har biri oxiratda halok qiluvchidir. Lekin baxillik sifati Qabrda chaquvchi chayon misoli bo‘lsa, riyo qabrdagi zaharli ilonlardan biri misoliga aylanadi. Ikkovining ozorini daf qilish yoki yengillatish uchun zaiflashtirish yoki o‘ldirishga u ma’murdir. U riyo va sum’ani qanchalik qasd qilsa, chayonning ba’zi tarafi hisobiga ilonni kuchaytirgan bo‘ladi. Chayon qanchalik zaif bo‘lsa, ilon shunchalik quvvatlanadi. Agar ish qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldirilsa, unga osonroq bo‘lardi. Uning taqozosiga ko‘ra, amal kuchaygan bu sifatlar mushohada qilish, unga qarshi chiqish va muntazamning xilofiga amal qilish bilan zaiflashadi. Baxillik boislariga qarshi chiqib, riyo sabablariga ijobat qilishdan, adnoni zaiflashtirib, taqvoni kuchaytirishdan ne foyda? Bu daqiq ma’nolarning asosi «Halok qiluvchilar choragi»da ham keladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:47:10
To‘rtinchi vazifa - odamlarni ergashtirish uchun oshkoralikning foydasi bor, deb bilsa, (zakot berayotganini) ma’lum qilish. Inson botinini riyoga chaqiruvchi narsadan biz «Riyo kitobi»da muolajasini zikr qiladigan yo‘sinda saqlaydi. Alloh azza va jalla shunday degan:

«Agar sadaqalarni oshkora holda bersangiz, juda yaxshi» (Baqara surasi, 271-oyat). Demak, bu hol zakotni oshkora berishni taqozo qiladi. Bu yo ergashtirish uchun yoki so‘raguvchi sadaqani odamlar orasida so‘raganidan bo‘ladi. Oshkoralikda riyodan qo‘rqib, sadaqa berishni tark etish joiz emas. Balki sadaqani berib, sirrini imkon qadar riyodan saqlamog‘i darkor. Boisi oshkora berishda minnat va riyodan boshqa, uchinchi bir nomashru’ ish borki, u ham bo‘lsa, faqirning obro‘sini ketkazishdir. Chunki u muhtoj sifatida ko‘rinishdan ozorlanishi mumkin. Endi kim tilanchilikni ochiq qilsa, u o‘z obro‘sini o‘zi to‘kibdi. Uning izhor qilishida bu ma’noni taqiqlash yo‘q. Bu gunohini bekitgan kishining fosiqligini oshkor qilishga o‘xshaydi. Chunki bu ham taqiqlangandir. U haqda josuslik qilish, nomusini bulg‘ash nahiy etilgandir. Ammo kim fisqini oshkor qilsa namoyishkorligi uchun unga had urish lozim bo‘ladi. Buning sababi - oshkor qilgani. Bu borada Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «Kim hayo libosini yechsa, uning g‘iybati (da gunoh) yo‘qdir» (zaif sanad bilan Ibn Hibbon rivoyat qilgan). Alloh taolo:

«Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar...», deydi (Fotir surasi, 29-oyat). Va bunda targ‘ib ifodasi borligi uchun oshkora berishga undash bordir. Banda bu ifodani undagi ta’qiq bilan muvozana etishda nozik fikrlasin. Chunki bu holatlar va shaxslarga qarab farqlanadi. Ba’zi holatlarda ayrim shaxslar uchun oshkoralik afzal bo‘ladi. Kimki shahvat ko‘zi bilan qaramay, foyda va ofatlarini tanisa, uning uchun har bir holatga afzal va loyiq bo‘lgan narsa ravshan ko‘rinadi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:47:22
Beshinchi vazifa - sadaqasini minnat va ozor bilan buzmasligi. Alloh taolo aytadi:

«Bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!» (Baqara surasi, 264-oyat.)

Ulamolar minnat va ozor haqiqati to‘g‘risida ixtilof qilishgan. Aytilishicha, minnat - sadaqani yodga olmoq, ozor - oshkor qilmoqlikdir. Sufyon aytadilar: «Kim minnat qilsa, sadaqasi fosid bo‘ladi». Shunda: «Minnat qanday bo‘ladi?» deb so‘rashdi. Javob berdilar: «Uni yodga olib gapirishdir». Yana aytilishicha, minnat - berish bilan xizmat qildirish, ozor esa uni kambag‘allikda ayblashdir. Yana aytilishicha, minnat - bergani sababli olganga mutakabbirlik qilish, ozor - unga tilangani uchun ayblash va o‘dag‘aylashdir. Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «Alloh minnatchining sadaqasini qabul qilmaydi» (bu hadisning asli yo‘qdir.)

Nazarimda, albatta minnat asl (tana) va shoxlardan iborat. U qalb holati va sifatlaridandir. So‘ng undan zohiriy holatlar til va a’zolarga ajraladi. Uning asli - o‘zini faqirga yaxshilik qiluvchi va in’om etuvchi sifatida ko‘radi. U esa kambag‘alni Alloh azza va jalla poklovchi va do‘zaxdan najot qilib qo‘ygan haqni qabul etish bilan o‘ziga yaxshilik qilyapti, deb o‘ylashi kerak. Agar u atoni qabul qilmaganida edi, ato sohibi u bilan garovga olingandek bo‘lib qolardi. Shuning uchun faqirdan (minnatni bo‘yniga) osib olishi kerak edi. Zero, u kaftini Allohning haqqini olishda Undan noib qilgandir. Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: Albatta sadaqa tilanchining qo‘liga tushishdan oldin Alloh taoloning qo‘liga tegadi» (Doriqutniy va Bayhaqiylar zaif sanad bilan rivoyat qilishgan).
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:47:45
O’ylab ko‘r, bu atosida u Alloh azza va jallaning haqqini topshiruvchidir. Faqir esa rizqini Alloh taolonikiga aylangandan so‘ng Undan oluvchidir.

Agar uning zimmasida bir insonning qarzi bo‘lsa, qarz egasi uni o‘zi tirikchiligiga kafil bo‘lgan quli yoki xizmatkoriga berishga buyursa, qarzni to‘laguvchi ahmoqona va johillarcha ish tutib, oluvchini o‘z minnati ostida deb o‘ylaydi. Chunki minnat faqirning rizqiga kafil bo‘lgan muhsinnikidir. Ammo faqir yaxshi ko‘rgan narsani olib berishi lozim bo‘lgan, qarzni to‘lashga mas’ul kishi esa o‘zi haqida qayg‘urayotgan, birovga minnat qilishga haqqi bo‘lmagan kishidir. Zakotning vojib bo‘lishini tushunishda zikr qilingani uch ma’noni yoki bittasini bo‘lsa ham, anglagan inson o‘zining faqat o‘zigagina yaxshilik qilayotganini ko‘radi. Bunda u molini yo Alloh taologa muhabbatini izhor qilish uchun yoki nafsini baxillik razolatidin tozalash uchun va yoxud yanada ziyoda bo‘lishini istab, mol ne’matiga shukr qilishi uchun sarflayotgan bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham, u bilan faqir o‘rtasida o‘zini unga yaxshilik qiluvchi sifatida ko‘rishga arziydigan muomala yo‘qdir. O’zini unga yaxshilik qiluvchi etib ko‘rsatadigan jaholat qay darajada hosil bo‘lsa, minnat ma’nosida zikr qilingan narsalar shu tariqa uning zohiriga tarqaladi. Bu ma’nolarga quyidagilar kiradi: u haqda so‘zlash, oshkor qilish, undan shukr va duo bilan, xizmat va hurmat bilan, ta’zim va haqqini rioya qilish, majlislarda oldinga o‘tkazish va ishlarda ergashish bilan taqdirlashni talab etishdir. Bularning barchasi minnat samaralaridir. Botindagi minnat ma’nosini esa zikr qildik.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:48:01
Ammo ozorga kelsak, uning ko‘rinishi malomatlash, ayblash, qo‘pollik, xo‘mrayish, oshkor etish va turli xo‘rlashlar bilan obro‘ni ketkazishdir. Bu uning botiniysi bo‘lib, manbai - ikki ishdir. Birinchisi: moldan qo‘l ko‘tarishning karohiyati va buning nafsga og‘irligi. Chunki bu hech bir ilojsiz xulqni tor qiladi. Ikkinchisi: o‘zini faqirdan yaxshi hisoblashi va faqirni hojati sababli o‘zidan tuban sanashi. Bu ikkisining ham kelib chiqishi jaholatdandir. Mol berishni yomon ko‘rishiga kelsak, bu halokatdir. Chunki kim bir dirhamki ming dirhamga to‘g‘ri keladigan narsa muqobiliga sarflashni yomon ko‘rsa, borib turgan ahmoqdir. Ma’lumki, u molni Alloh azza va jalla roziligi hamda oxirat dunyosi savobini istab sarflaydi. Bu o‘zi sarflayotgan narsadan ko‘ra sharaflidir. Yoki nafsini baxillikdan poklash uchun yoxud yanada ziyoda bo‘lish talabida sarflaydi. Qanchalik farz bo‘lmasin, yomon ko‘rishga hech bir sabab yo‘qdir. Ikkinchisi bo‘lsa, bu ham jaholatdan. Chunki u agar faqirlikning boylikka nisbatan fazilatini bilsa va boylik xatarini anglasa, hech qachon faqirni kamsitmagan bo‘lardi. Balki uni tabarruk sanab, darajasini orzu qilardi. Boylarning solihlari jannatga faqirlardan besh yuz yil keyin kirishadi. Shuning uchun Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «Ka’ba Rabbiga qasamki, ular ziyon qiluvchilardir». Abu Zarr (r.a.) so‘radilar: «Ular kimlar?» Payg‘ambar (s.a.v.): «Ular mollari ko‘p kishilardir», dedilar. So‘ng faqirni qanday kamsitadiki, Alloh taolo uni tijorat joyi qilib qo‘ygan bo‘lsa. Zero, molni uning mehnati bilan topadi, undan ko‘paytiradi va hojat qadar uning muhofazasiga harakat qiladi. Faqirga ehtiyoji miqdorida berish va berilsa, zarar qiladigan ortiqcha molni to‘xtatishni shariat lozim qildi. Demak, boy kishi faqirning rizqiga harakat qilgani uchun undan zulmni ko‘tarish, qiyinchiliklarni yelkaga olish va faqirning hojatidan ortganini muhofaza qilish bilan ajralib turgani uchun u xizmatchidir. Bu holat u to vafot etib, boyliklarini dushmanlari talon-taroj qilgunicha davom etadi. Demak, qachon karohiyat yo‘qolib, vojibni ado etish va faqirning olishi Alloh taoloning tavfiqi bilan surur va quvonchga aylansa, ozor, tahqirlash, xo‘mrayish yo‘qolib, surur, maqtov va quchoq ochishga aylanadi
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:48:30
Bu zikr qilganlarimiz minnat va ozorning manbai edi. Agar aytsangki: «Uzini yaxshilik qiluvchi darajasida ko‘rish mavhum ishdir, qalbini imtihon qilib, o‘zini yaxshilik qiluvchi deya ko‘rmasligini bildiradigan alomat bormi?» Bilginki, albatta buning nozik va aniq alomati bordir. Bu shunday chamalashdir: masalan, faqir unga bir jinoyat qildi yoki uning dushmaniga yaqinlashdi. Shunda uning noroziligi va xafagarchiligi unga sadaqa berishdan oldingi noroziligidan ziyodami? Agar ziyoda bo‘lsa, sadaqasi minnat nopokligidan xoli emas ekan. Chunki u sadaqasi sababidan bundan oldin kutmagan narsasini kutibdi. Yana aytsangki: «Bu ham mavhum ish. Biror kishining qalbi bundan xoli emas. Endi buning davosi nima?» Bilginki, albatta buning botiniy davosi va zohiriy davosi bor. Botiniysiga kelsak, u yuqorida zikr qilganimiz vojiblarni tushunishdagi haqiqatlarni tanlashdir. Albatta faqir uning belganini qabul qilish bilan poklash to‘g‘risida unga yaxshilik qiluvchi maqomidadir. Zohiriysi bo‘lsa, minnat etuvchi qilib yurgan amallardir. Chunki axloqdan sodir bo‘layotgan fe’llar qalbni kitobning ikkinchi yarmida sirlari keladigan holatdek axloq bilan bezaydi. Shuning uchun ham ba’zilar sadaqani faqirning oldiga qo‘yib, uning qabul qilishini so‘rab, hatto tilanchi suratiga kirguncha turardi. Shu bilan birga u qaytarib bersa, o‘zida yoqimsizlikni his qilardi. Ayrimlari esa faqir uning qo‘lidan olishi va yuqorida faqirning qo‘li bo‘lishi uchun kaftini ochib turardi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:50:12
Oisha va Ummu Salamalar (r.a.) agar biror narsani kambag‘al kishiga berib yuborsalar, elchiga tayinlashardi: «U qilgan duoni yodlab oling». U qilgan duoni qaytarishardi-da, «Bu duoimiz unikiga barobardir. Shu bilan sadaqamiz biz uchun xolis bo‘ladi», derdilar. Ular kambag‘aldan hech narsa kutishmasdi, chunki bu mukofotga o‘xshardi, shuning uchun duoga mislidek duoni muqobil qilishardi. Umar ibn Xattob (r.a.) va o‘g‘illari Abdulloh ham shunday qilishardi. Qalb egalari qalblarini mana shunday davolatishardi. Zohiriy tomondan davo faqat zalillik, tavozu’ va minnatni qabul qilishga dalolat etadigan amallarda bo‘ladi. Botiniy tomondan esa zikr qilganimiz ma’rifatlarda bo‘ladi. U amal tomonidan bo‘lsa, bu ilm jihatidan bo‘ladi. Qalbni faqat ilm va amal ma’juni bilangina muolaja qilinadi. Zakotlardagi mana shu shart namozdagi xushu’ o‘rnida yuradi. Bu narsa Payg‘ambar (s.a.v.) quyidagi so‘zlarida sobit bo‘lgan: «Kishi uchun namozidan faqat fikri anglaganigina qoladi». Bu: «Alloh minnatchining sadaqasini qabul qilmaydi», degan so‘zlari kabidir. Yana Alloh azza va jallaning: «Bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang», degan so‘ziga o‘xshaydi. Ammo faqihning bu shartsiz ham zakotning o‘rniga tushganligi va zimmasidan soqit bo‘lganligi haqidagi fatvosi boshqa mavzudir. Uning ma’nosiga «Namoz kitobi»da ishorat qilganmiz
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:50:42
Oltinchi vazifa - bergan narsasini arzimas bilmog‘i. Agar ko‘p sanasa, ujbga ketadi. Ujb esa amallarni bekor qiluvchi holatdir. Alloh taolo aytadi:

«Hunayn kunini (eslanglar)! O’shanda sizlarning ko‘p ekanligingiz mag‘rur qilib qo‘ygandi. Ammo u sizlarni hech narsadan behojat qila olmadi» (Tavba surasi, 25-oyat). Aytilishicha, toat qanchalik kichik sanalsa, Alloh azza va jalla huzurida shunchalik ulkan hisoblanadi. Ma’siyat qanchalik katta hisoblansa, Alloh azza va jalla nazdida shu darajada kichik sanaladi. Yana aytilishicha, yaxshilik uch ish bilangina mukammal bo‘ladi: kichik sanash, tezlashtirish va yashirin qilish. Minnat va ozor katta sanash emasdir. Agar u molini masjid yoki rabot qurishga sarflaganda edi, katta sanash imkoni bo‘lardi. Bunda minnat va ozor mumkin bo‘lmaydi. Balki ujb va katta sanash hamma ibodatlarda joriydir. Buning davosi ilm va amaldir. Ilm shuki, u o‘ndan bir yoki qirqdan bir, ko‘pdan oz ekanini bilmoqdir. U nafsi uchun sarfiyotining eng tuban darajasiga ham qanoat qilayapti. Bundan u uyalishi kerak edi. Agar eng oliy darajaga chiqib molining hammasini yoki aksarini sarf qilsa ham qanday qilib buni katta sanaydi? O’ylab ko‘rsin, mol unga qaydan kelayapti? Va qaerga sarflayapti? Mol Alloh azza va jallanikidir. Minnat qilish Uning o‘zinikidir. Zero, U berayapti va sarf qilishga muvaffaq etyapti. Unda nima uchun Alloh taoloning haqqida aynan Alloh subhanahuning haqqi bo‘lmish narsani og‘ir sanayapti? Agar uning maqomi oxiratga qarashni taqozo etar ekan, u sarfiyotini savob uchun qilar ekan, unda nega bir necha barobar bo‘lib qaytishini kutayotgan narsasini ko‘p sanaydi?
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:50:50
Amal shuki, berayotganda qolgan molini Alloh azza va jalladan olib qolib, baxillik qilayottaniga xijolat tortgan kishining berishidek ato etmog‘idir. Uning ko‘rinishi omonatni qaytarish so‘ralganda, ba’zisini berib, ba’zisini berolmayotgan kishidek siniq va hayoli bo‘lsin. Chunki molning hammasi Alloh azza va jallanikidir. Barchasini sarf etish Alloh subhanahuning nazdida mahbubdir. Lekin buni bandasiga buyurmadiki, baxilligi sababli mashaqqat bo‘lmasin, deb. Alloh azza va jalla bu to‘g‘rida shunday deydi:

«Agar (Alloh) sizlardan (mol-dunyolaringizni) so‘rab, sizlarni qiynaydigan bo‘lsa, sizlar baxillik qilursizlar» (Muhammad surasi, 37-oyat).

Yettinchi vazifa - molidan sifatlisini, o‘ziga sevimlisini, kattasini va yaxshisini bermog‘i. Chunki Alloh taolo yaxshidir, faqat yaxshi narsani qabul qiladi. Agar chiqarib berilgan narsa shubhadan topilgan bo‘lsa, mutlaqo uning mulki bo‘lmagani tufayli o‘rniga tushmaydi. Hadisda Abon Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qiladilar: «Gunoh qilmay qo‘lga kiritgan molidan infoq qilgan bandaga yaxshilik bo‘lsin! » (Bazzor rivoyati.)
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:51:03
Agar chiqarilgan narsa molning yaxshisi bo‘lmasa, bu odobsizlikdan sanaladi. Zero u yaxshi narsani o‘ziga yo quliga yoki ahliga ushlab qolgan. Bu bilan u Alloh azza va jalladan boshqani oldinga qo‘ygan. Agar buni mehmoniga qilganda va uning oldiga eng yomon taomini qo‘yganida bu ishidan o‘zining g‘azabi qaynab ketardi. Bu agar Alloh azza va jallaga nisbatan shunday qilganda bo‘ladi. Agar o‘ziga va oxiratdagi savobiga qaraganda o‘zidan boshqani muqaddam qilsa, bu kishi oqil emasdir. Uning uchun molidan faqat ikki narsa qoladi: sadaqa qilib boqiy bo‘lgani yoki yeb, ya’ni hozirdagi istagini qondirib, foniy bo‘lgani. Nazarni faqat hozirga qaratib, saqlab qo‘yishni unutish aqldan emasdir. Darhaqiqat, Alloh taolo aytgandir:

«Ey mo‘minlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalardan infoq-ehson qilingiz! Ehson qilish uchun ulardan o‘zingiz faqat ko‘z yumib turib oladigan past-nopoklarini tanlamangiz!» (Baqara surasi, 267-oyat.) Ya’ni, faqat karih ko‘rish va hayo bilan olingiz. «Ko‘z yumib turib»dan murod shudir. Buni Rabbingizdan afzal ko‘rmangiz. Xabarda kelishicha: «Bir dirham ming dirhamdan o‘tib ketdi» (Nasaiy, Ibn Hibbon va Hokim rivoyat etib, sahih, deyishgan). Bu hol kishining eng halol va sifatli molini chiqarib berishi bilan bo‘ladi. Bu badalga rozilik va xursandlikdan sodir bo‘ladi. Molining karih ko‘rganidan yuz ming dirhamli chiqarishi mumkin. Bu hol u Alloh azza va jallani o‘zi yaxshi ko‘rgan biror narsaga muqaddam qilmasligiga dalolat etadi. Shuning uchun ham Alloh taolo o‘zlari yomon ko‘rgan narsalarini Alloh uchun atagan qavmni mazammat qilib aytadi:
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:51:17
«Ular o‘zlari yomon ko‘radigan narsalarni Allohniki, deyishib, yana tillari o‘zlari uchun chiroyli mukofot - jannat bo‘lishi haqida yolg‘on so‘zlarni so‘zlaydi. Yo‘q!!!» (Nahl surasi, 62-oyat.) Ba’zi qorilar vaqf to‘xtashini «Yo‘q!»dan keyin, ularning yolg‘onchiligini aytish uchun qo‘yishgan. Oyat davomida «Shubha yo‘qki, ular do‘zax egalaridir», deyiladi. Ya’ni, do‘zax yomon ko‘radigan narsalari Allohniki, deganlar uchun beriladi.

Sakkizinchi vazifa - sadaqasi uchun sadaqa u bilan poklanadigan odamni izlashidir. Bunda umumiy sakkiz sinf bo‘lishi bilan kifoyalanilmaydi. Chunki ularning umumiylari ichida sifati xoslari bor. Mana shu sifatlarning xoslariga rioya etilishi kerak. Bu sifatlar oltitadir:

Birinchi sifat - taqvodor, dunyodan yuz o‘girgan, oxirat tijoratiga o‘zini bagishlagan kishilarni istamog‘i. Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Faqat taqvodorning taomini yegin. Va taomingni faqat taqvodor yesin» (boshkacharoq lafz bilan rivoyat qilingan). Chunki taqvodor u bilan taqvosiga madad oladi, unga yordam berganing uchun toatiga sherik bo‘lasan. Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «Taomlaringizni taqvodorlarga yediringlar. Yaxshiligingizni mo‘minlarga ilininglar» (Ibn Muborak rivoyat qilgan, Ibn Tohir majxuli bor g‘arib hadis, degan). Boshqa lafzda: «Taoming bilan Alloh taolo yo‘lida yaxshi ko‘rgan kishingni ziyofat et», deya kelgan (Ibn Muborak mursal holda rivoyat etgan). Ulamolardan biri taomlarga so‘fiylarning kambag‘alini boshqalardan afzal bilardilar. U kishiga: «Yaxshiligingizni hamma faqirlarga om qilganingizda ma’qul bo‘lardi», deyishganida, shunday javob qilgandilar: «Yo‘q! Bular g‘amlari Alloh subhanahu bo‘lgan qavmdirlar. Agar ularga yo‘qchilik kelsa, fikr-hayollari sochilib ketadi. Ulardan birining himmatini Alloh azza va jalla tomonga qaytarishim menga g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan ming kishiga bermog‘imdan mahbubroqdir». Bu gap Junaydga gapirib berilganida, u kishi ma’qullab: «Bu kishi Alloh taolo valiylaridan bir valiydir», dedilar. Yana aytdilar: «Anchadan beri bundan yaxshiroq so‘z eshitmagandim». So‘ng hikoya qilinishicha, bu odamning holati yomonlashdi va do‘konini tashlashga qasd qildi. Shunda unga Junayd mol jo‘natdilar va: «Buni o‘zingta dastmoya qilgin va do‘konni tashlamagin. Chunki tijorat seningdek kishilarga zarar qilmaydi», dedilar. Bu odam kambag‘allar xarid qilgan narsalarga pul olmasdilar.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:51:28
Ikkinchi sifat - xususan ahli ilmdan bo‘lmog‘i. Chunki bu ularga ilm olishlarida madad bo‘ladi. Agar bu to‘g‘rida niyat to‘g‘ri bo‘lsa, ilm ibodatlarning eng sharaflisidir. Ibn Muborak ataganlarini faqat ilm ahliga xoslardilar. U kishiga: «Nega buni om qilmaysiz?» deyilsa: «Men payg‘ambarlik maqomidan keyin ulamolik maqomidan o‘zgasini bilmayman», deya javob qildilar. Agar ulardan birining qalbi dunyo tashvishlari bilan mashg‘ul bo‘lib qolsa, ilmga vaqti bo‘lmaydi va ta’lim olishga qaramaydi. Shu bois ularni ilmga bog‘liq etib qo‘yish afzaldir.

Uchinchi sifat - taqvosida va tavhidni bilishida sodiq bo‘lmogi. Tavhidi shuki, agar u atoni olsa. Alloh azza va jallaga hamd aytadi, Unga shukr qiladi va ne’matni Undan deb bilib, vositaga qaramaydi. U bandalarning Alloh subhanahuga eng shokirrog‘idir. U ne’matning barchasini Allohdan, deb biladi. Luqmon o‘g‘liga vasiyatida shunday deydi: «O’zing va Alloh o‘rtasida in’om etuvchini paydo qilib olma. Undan boshqaning senga bergan ne’matini qarz sanagin. Kim Alloh subhanahudan boshqaga tashakkur etsa, go‘yoki in’om etuvchini bilmabdi, vosita esa Alloh azza va jallaning bo‘ysundirishi bilan tobe’ qilingan va bo‘ysundirilganiga ishonmabdi. Zero, Alloh taolo unga fe’l (bajarish) boislarini musallat qildi, uning sabablarini oson etdi va u bo‘ysungan holda berdi. Alloh taolo uning qalbiga dini va dunyosining salohi buni qilishda ekanligini tashlagandan keyin uni tark etishga qodir bo‘lmaydi. Bois qanchalik kuchaysa, u iroda qat’iyligi va qudratdan foydalanishni vojib etadi. Taraddudi yo‘q kuchli boisga qarshilik qilishda bandaning kuchi yetmaydi. Va Alloh taolo boislarni xalq qiluvchi va qo‘zg‘atuvchi, zaiflik va taraddudni ketkazuvchi hamda bois muqtazolaridan foydalanib qolish uchun qudratni bo‘ysundiruvchi Zotdir. Kim bunga qat’iy ishonsa, nazari faqat Musabbibul-asbob (Sabablarni paydo qiluvchi)ga qaratiladi. Bandaning mana shunday qat’iy ishonchi beruvchi uchun boshqaning maqtov va tashakkuridan foydaliroqdir. Chunki maqtov va tashakkur til harakati bo‘lib, ko‘pincha foydasi kam bo‘ladi. Ammo bunday muvahhid bandaga yordam etish zoe bo‘lmaydi. Lekin ato tufayli maqtaydigan va xayriyat so‘rab duo etadigan kishi esa atodan noumid bo‘lganda mazammat etadi, yomonlik so‘rab duo qiladi. Uning holati o‘zgarib turadi. Rivoyat etilishicha, Payg‘ambar (s.a.v.) faqirlardan biriga ato jo‘natdilar va elchiga: «Aytgan narsasini yodlab ol», dedilar. U atoni olgan vaqtda: «Zikr qilganni unutmaydigan va shukr qilganni zoe etmaydigan Zot Allohga hamd bo‘lsin! Allohim! Albatta Sen falonchini (ya’ni, o‘zini) unutmading, endi falonchini Seni unutmaydigan qilib qo‘ygin!» dedi. Rasulullohga (s.a.v.) buning xabari berilganida xursand bo‘ldilar va: «Uning bunday deyishini bilgandim», dedilar (asli yo‘q, faqatgina Ibn Munda zaif sanad bilan rivoyat qilgan.)   Qara, u iltifotini yolg‘iz Allohga qanday chegaraladi! Yana Payg‘ambar (s.a.v.) bir odamga: «Tavba qil», dedilar. U odam: «Allohning o‘ziga tavba qilaman. Muhammadga tavba qilmayman», dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Haqni ahliga munosib holda tanidi», dedilar (zaif sanad bilan Ahmad va Tabaroniylar rivoyati.)
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:51:58
Oishaning (r.a.) «Ifk voqeasi»da beaybliklari haqida oyat nozil bo‘lganida otalari Abu Bakr (r.a.): «Tur, Rasulullohning (s.a.v.) boshlaridan o‘p!» dedilar. Shunda Oisha (r.a.) aytdilar: «Allohga qasamki, bunday qilmayman va Allohdan boshqaga hamd aytmayman!» Rasululloh (s.a.v.) ham: «Uz holiga qo‘y, ey Abu Bakr!» dedilar. Boshqa bir rivoyatda Oisha (r.a.) Abu Bakrga (r.a.): «Sizga ham, sohibingizga ham maqtov yo‘q, hamd faqat Allohgadir», deganlarida, Rasululloh (s.a.v.) bunday deyishini man etmadilar. Vaholanki, vahiy Oishaga (r.a.) Rasulullohning (s.a.v.) tillari vositasida yetib kelgandi. Narsalarni Alloh subhanahudan boshqadan ko‘rish kofirlarning vasfidir. Alloh taolo aytadi:

«Qachon yolg‘iz Alloh zikr qilinsa, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning dillari siqilib ketar. Qachon U Zotdan o‘zga butlar zikr qilinganida esa banogoh ular shodlanib keturlar» (Zumar surasi, 45-oyat).

Kim botinini vositalarni ko‘rishdan tozalamabdi, go‘yoki u siri maxfiy bo‘lgan shirqdan qutilmaydi. Bundan vositalarni vosita o‘laroq ko‘rgan kishilar mustasnodir. Bas, tavhidini shirk iflosliklari va dog‘laridan tozalashda Alloh subhanahudan qo‘rqing.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:52:38
To‘rtinchi sifat — hojatini maxfiy va yashirin tutmog‘i, xuzni va shikoyatini ko‘paytirmasligi. Yoki ne’mati ketsada, saxiyligi qolgan muruvvat ahlidan bo‘lmog‘i. U boodoblik libosida yashaydi. Alloh aytadi:

«... qanoatlari sababli bilmagan odamga boy-badavlat bo‘lib ko‘rinadilar. Ularning (faqirliklarini) siymolaridan bilib olasiz. Ular odamlardan tilanib turib olmaydilar» (Baqara surasi, 273-oyat).

Chunki u komil iymoni sabab g‘aniy, sabri bois azizdir. Buni har bir joydagi diyonat ahlini yaxshilab o‘rganish, ahli xayr va boodob holatlarining botinini kashf qilish bilan izlash lozim bo‘ladi. Unga atoni berish savobi tilanchilikni oshkor qiladiganlarga bergandan ko‘ra bir qancha ko‘pdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:52:49
Beshinchi sifat - bola-chaqasi ko‘p yo kasallik yoki boshqa sabab bilan uyga qamalib qolgan kishi bo‘lishi. Bunda Alloh azza va jallaning quyidagi oyati ma’nosi topiladi:

«(Sadaqa-ehsonlar) Allohning yo‘lida to‘silgan faqir-kambag‘allar uchundir» (Baqara surasi, 273-oyat). Ya’ni, ular bola-chaqa yoki tirikchilik og‘irligi yoxud qalb islohi uchun oxirat yo‘lida o‘zlarini ushlagan kishilardir. «... biror yerga safar qilishga qodir bo‘lmaydilar» (oyat davomi). Chunki ular qanotlari qirqilgan va qo‘loyog‘i bog‘langan kishilardir.

Mana shular tufayli Umar (r.a.) ahli baytga o‘nlab miqdor qo‘y berardilar. Payg‘ambar (s.a.v.) atoni bola-chaqa miqdoricha berardilar. (Mazkur lafzda naql qilinmagan.)

Umardan (r.a.) ko‘rgilikning eng kattasi haqida so‘rashganida: «Moli kam bo‘lgani holda bola-chaqaning ko‘pligi», deya javob berganlar.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:53:20
Oltinchi sifat - yaqin va qarindosh-urug‘laridan bo‘lmog‘i. Shunda ham sadaqa, ham silai-rahm bo‘ladi. Silai-rahmda esa sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan savob bordir. Ali (r. a.) aytadilar. «Bir qarindoshimga bir dirham bilan silai-rahm qilmog‘im yigirma dirham sadaqa qilmog‘imdan mahbubdir. Yigirma dirham bilan silai-rahm qilmog‘im yuz dirham bilan sadaqa qilmog‘imdan mahbubdir. Yuz dirham bilan silai-rahm qilmog‘im qul ozod etmog‘imdan mahbubdir». Yaxshi do‘st va birodarlar ham begonaga nisbatan yaqinlari muqaddam qilingani singari xayr-ehsonda oldinga qo‘yiladi. Bundagi daqiq ma’nolarga rioya etgin. Bular talab etilgan sifatlardir. Har bir sifatning o‘z darajasi bordir. Bulardan eng oliysini istamoq lozim bo‘ladi. Agar mana shu sifatlarning jumlasini jamlagan kishi topilsa, bu ulug‘ zahira va buyuk g‘animat bo‘ladi. Kishi bu to‘g‘rida qanchalik ijtihod qilib to‘g‘ri topsa, ikki savob, agar xato qilsa, bir savobga ega bo‘ladi. Chunki ikki savobdan biri darhol nafsini baxillik sifatidan poklash, qalbidagi Alloh azza va jallaga bo‘lgan muhabbatini ta’kidlash va Uning toatida ijtihod etishda bo‘ladi. Bu sifatlar qalbni quvvatlantiradi va Alloh azza va jallaga yetishishga shavqlantiradi. Ikkinchi savob sadaqa oluvchining duosi va himmatiga bog‘liqdir. Chunki abrorlar qalbining holda ham, istiqbolda ham ta’siri bordir. Agar buni to‘g‘ri topsa, ikki savobni hosil qiladi. Agar adashsa, ikkinchi emas, birinchi savobni topadi. Shu sababli ham ijtihodda to‘g‘ri topuvchining savobi bu yerda ham, boshqa o‘rinlarda ham ikki barobar qilingandir. Vallohu a’lam.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:54:13
Uchinchi fasl
Zakot oluvchi va uning haqli bo‘lish shartlari hamda olish odoblari to‘g‘risida


Bilgilki, zakotga hoshimiy, muttalibiy bo‘lmagan, Alloh azza va jalla kitobida zikr qilingan, sakkiz sinf sifatlari bilan tavsiflangan ozod, musulmon kishigina haqli bo‘ladi. Zakotni kofirga, qulga, hoshimiyga, muttalibiyga berish yo‘qdir. Ammo agar valiylari zakotni olsa, sabiy va jinniga berish joizdir. Endi sakkiz sinf sifatlarini zikr qilamiz:

Birinchi sinf; faqirlar. Faqir - moli va kasb qilishga qudrati bo‘lmagan kishi. Agar uning bir kunlik ozuqasi va o‘ziga yetarli kiyimi bo‘lsa, u faqir emas, balki miskindir. Agar yarim kunlik ozuqasi bo‘lsa, unda faqirdir. Agar unda ko‘ylak bo‘lsayu ro‘molcha, mahsi, ishton bo‘lmasa, ko‘ylagining qiymati bularning barchasiga teng bo‘lmasa, ya’ni faqirlarga xos bo‘lsa, u holda faqirdir. Chunki u bu holda muhtoj bo‘lgan narsasiga ega bo‘lmagan, undan ojiz qolgandir. Faqir to‘g‘risida satri avratdan ortiq kiyimi bo‘lmasligini shart qilish durust emas. Chunki bu haddan oshishdir. Ko‘p holatda bunga o‘xshashi topilmaydi. Odam tilanchilikni qilgani uni faqirlikdan chiqarmaydi. Lekin uni kasb qilib olmagan bo‘lishi kerak. Ammo agar kasb etib, tirikchilikka qodir bo‘lsa, bu hol uni faqirlikdan chiqaradi. Agar u bir asbob bilan tirikchilik etishga qodir bo‘lsa, faqirdir. Unga shu asbobni sotib olib berish joizdir. Agar sha’niga va o‘ziga loyiq bo‘lmagan kasbga qodir bo‘lsa, bu holda ham faqirdir. Agar ilm oluvchi bo‘lsa, kasb bilan shug‘ullanish uni ilm olishdan mahrum etsa bu ham faqirdir. Qodirligi e’tiborga olinmaydi. Agar obid bo‘lsa va kasb qilish uni ibodatdagi vazifalardan, vaqtli virdlardan mahrum etadigan bo‘lsa ham kasb qilsin. Chunki kasb qilish mazkur holatdan afzaldir. Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar- «Halolni talab qilish farz namozlaridan keyingi farzdir» (Tabaroniy va Bayhaqiylar zaif sanad bilan rivoyat qilishgan.)
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:54:26
Bu bilan kasb qilishga intilishni iroda etganlar Umar (r.a.): «Shubhada kasb qilish ham tilanchilikdan yaxshiroqdir», dedilar. Agar otasining yoki nafaqasi vojib kishshshng nafaqasi bilan cheklanib qolsa, bu kasb qilishdan yengilroq hol bulgani uchun faqir emasdir.

Ikkinchi sinf: miskinlar. Miskin - kirimi chiqimini qoplamaydigan kishi. Kishi ming dirhami bo‘la turib ham miskin bulishi mumkin. Boltayu arqonga ega bulib ham boy bo‘lishi mumkin. Yashab turgan hovlisi va holiga yarasha kiyimi kishidan miskinlik nomini tortib ololmaydi. Shuningdek, muhtoj bo‘lingan uy jihozlari ham shu hukmda. Bunda o‘ziga loyiq bo‘lishi ahamiyatga ega.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:54:35
Xuddi shunday ilmiy kitoblar ham uni miskinliqdan chiqara olmaydi. Faqat kitoblarga ega odamga fitr sadaqa berish lozim bo‘lmaydi. Kitobning hukmi kiyim va jihozning hukmidek. Chunki u bunga muhtojdir. Lekin kitobga bo‘lgan qat’iy ehtiyojni aniqlashda ehtiyot bo‘lish lozim. Kitobga uchta maqsad bilan muhtoj bo‘linadi: ta’lim berish; istifoda etish; mutolaa bilan zavqlanish. Zavqlanish ehtiyojiga e’tibor yo‘qdir. Bunga she’riy kitoblar, voqealar tarixi va shunga o‘xshash oxiratda naf bermaydigan va dunyoda faqat zavqlanish, odatlanish o‘rnida yuradigan kitoblarni yig‘ish misol bo‘ladi. Bular kafforat va fitr zakoti uchun sotiladi. Miskinlik nomidan mahrum qiladi. Ta’lim berish ehtiyoji kasb uchun bo‘lsa, tikuvchi va boshqa hunarmandlarning anjomlari singari fitr sadaqani berish uchun sotilmaydi. Bunga haq evaziga odob beruvchi, muallim va mudarris misol bo‘ladi. Chunki bu kishilarning kitoblari asbob-anjomlaridir. Agar u farzi kifoyani barpo qilish uchun dars bersa, kitoblari sotilmaydi, undan miskin nomi olinmaydi. Chunki bu juda muhim ehtiyojdir. Ammo kitobdan istifoda etish va o‘rganish ehtiyoji bo‘lsa, bu o‘zini muolaja etish uchun tib kitoblari, ibrat olish uchun va’z kitoblarini yiqqanga o‘xshash. Agar shaharda tabib va voiz bo‘lsa, bu kitoblar hojatsizdir. Agar bo‘lishmasa, ehtiyoj bordir. Keyingi masala: kitob mutolaasiga bir muddat o‘tgandan so‘ng muhtoj bo‘linadi. Bunda ana shu muddatni aniqlab olish lozim bo‘ladi. Aytishga eng ma’quli bir yil ichida muhtoj bo‘linmagani - hojatsizidir. Agar bunda kunlik ozuqasidan biror narsa ortsa, fitr sadaqa lozim bo‘ladi. Ozuqa kunlik hisoblansa, uy jihozi va badan kiyimi yillik bilan belgilanishi lozim. Yozgi kiyim qishda sotilmaydi. Kitoblar esa kiyim sababidan pullanmaydi. Jihoz ham shunga o‘xshash. Kishida bir kitobdan ikki nusxa bo‘lishi va biriga hojat bo‘lmasligi mumkin. Agar u: «Kitoblardan biri sahih, boshqasi esa chiroyli. Men ikkoviga ham muhtojman», desa, aytamizki: «Sahihi bilan kifoyalan, chiroylisini sot. Zavqlanish va dabdabani qo‘y!» Agar bir ilm to‘g‘risida ikki nusxa topilib, biri keng, ikkinchisi qisqa bo‘lsa, agar maqsadi undan istifoda etish bo‘lsa, keng berilgani bilan kifoyalansin. Agar qasdi dars berish bo‘lsa, ikkoviga ham ehtiyoji bo‘ladi. Zero, bularning har birida boshqasida yo‘q foyda mavjud. Bu ko‘rinishlarning misollari sanoqsizdir. Fiqh fanida bunga to‘xtalinmaydi. Bizning to‘xtalishimiz esa baloi om bo‘lgani va bu qarashning boshqasidan yaxshi ekaniga tanbeh etish uchundir. Bu ko‘rinishlarni chuqur tadqiq etish imkonsizdir. Zero, uy jihozi xususidagi bunday qarashda uning miqdori, adadi va naviga, badan kiyimi va hovli xususida esa uning kengligiga va torligiga o‘tiladi. Bu ishlarda esa chegaralangan hudud yo‘qdir. Lekin faqih bunda o‘z ra’yi bilan ijtihod qiladi. Hududlarni aniqlashni ra’yiga nisbatan yaqinlashtiradi. Bundan shubhalanish xatarini parchalabtashlaydi. Taqvodor bunda ehtiyotni ushlaydi va shubhalanganini qo‘yib, qanoat hosil qilganini oladi. Bir-biriga ravshan muqobil taraflar o‘rtasida shakllangan o‘rta darajalar ko‘pdir. Bundan faqat ehtiyot bilangina najot topiladi
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:54:47
Uchinchi sinf: omillar. Bular xalifa va qozidan boshqa zakotlarni yig‘ishga bel bog‘lagan kishilardir. Bularga oqsoqol, kotib, hisobchi, qo‘riqchi va tashuvchilar kiradi. Birortasining haqqi misliy haqdan (bu - o‘sha paytda shunday kasb bilan shug‘ullangan kishiga beriladigan haq) ziyoda etilmaydi. Agar puldan misliy haqqa bir miqdor ortib qolsa, boshqa sinflarga qayta taqsimlanadi. Agar kam bo‘lsa, muassasa masolih (ommaning manfaati uchun to‘plab qo‘yilgan mol) molidan qo‘shib beriladi.

To‘rtinchi sinf: Islomga qalbi moyil kishilar. Bular qavmida ergashiladigan va Islomni qabul qilgan ashroflardir. Ularga zakot berish Islomga mustahkam bo‘lishlari va o‘zlariga o‘xshashlarni, qavmlarini targ‘ib qilishlari uchundir.

Beshinchi sinf: mukotablar (muayyan miqdorni to‘lash evaziga ozod bo‘lishni xojasi bilan kelishgan qul). Zakot oluvchi va uning haqli bo‘lish shartlari Xojaga mukotabning hissasi to‘lanadi. Mukotabning o‘ziga bersa ham, joiz. Lekin xo‘jayin o‘z zakotini o‘z mukotabiga bermaydi. Chunki u o‘ziga qul hisoblanadi (chunki bunda foyda o‘ziga qaytadi).
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:54:56
Oltinchi sinf: qarzdorlar. Qarzdor - yaxshi yoki muboh ishlarda qarz olgan kishi bo‘lib, u ham faqirdir. Agar gunoh ishda qarz olgan bo‘lsa, bu ishidan tavba qilmagunicha zakot berilmaydi. Agar qarzdor boy bo‘lsa, qarzi zakotdan uzilmaydi. Illo, u qarzni omma manfaati yoki fitnani o‘chirish uchun olgan bo‘lsa, bundan mustasno.

Yettinchi sinf: yollanma askarlar o‘rdusida ko‘zda tutilmagan g‘oziylar. Garchi boy bo‘lsalar ham, g‘azot qilishlariga madad bo‘lishi uchun ularga ham zakotdan beriladi.

Sakkizinchi sinf: musofir. Shahridan gunoh bo‘lmagan safar qilish uchun chiqqan yoki o‘sha shaharda g‘arib bo‘lgan kishi. Agar u faqir bo‘lsa, zakot beriladi. Agar moli boshqa shaharda bo‘lsa, unga yetib olguday miqdor beriladi. Agar: «Bu sifatlar qanday bilinadi?» deb aytsang, shunday javob beramiz: «Faqir va miskinda oluvchining qabul qilishi bilan. Bunda dalil so‘ralmaydi va qasam ichdirilmaydi. Balki yolg‘onchiligi bilinmagan bo‘lsa, so‘ziga tayanish joizdir. Ammo g‘azot va safar bo‘lsa, bu kelajak ishi bo‘lgani uchun «Men g‘oziyman», degan so‘zi bilan berilaveradi. Agar so‘zining ustidan chiqmasa, qaytariladi. Qolgan boshqa sinflar bo‘lsa, dalil-xujjat keltirishlari lozim. Bular, demak, zakot olishga haqdorlik shartlaridir». Ularning har biriga qancha miqdorda berilishi esa quyiroqda keladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:55:11
Oluvchi vazifalarining bayoni

Zakot oluvchining vazifalari beshtadir.

Birinchisi - kifoya etgulik zakotni unga berishni vojib etgan Zot - Alloh azza va jalla ekanini bilmoqdir.

Darhaqiqat, xalq Alloh azza va jallaga bitta maqsad bilan, u ham bo‘lsa, Alloh subhanahu va oxirat kuni qasdida ibodat qiladi. Alloh taoloning quyidagi oyati ham shu ma’nodadir:

«Men jin va insni faqat O’zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Vaz-zoriyot surasi, 56-oyat). Lekin hikmati ilohiya bandaga shahvat va ehtiyojlar hukmronlik qilishini taqozo etganida, ular bandaning maqsad-tashvishini bo‘lak-bo‘lak qilib yubordi. Uning karami esa ehtiyojlarga kifoya etadigan ne’matlarni yog‘dirishni taqozo qildi. Mol-mulkni ko‘paytirdi, ularni bandalarning qo‘liga to‘kib tashladi. Buni U bandalarning ehtiyojlarini ketkazishga sabab va toatga bo‘shashlari uchun vasila maqsadida qildi. Ulardan ayrimlarining molini ko‘paytirib, fitna va imtihon qildi. Va bas, uni xatarga tortdi. Ba’zilarini esa yaxshi ko‘rib, rahmdil kishi kasalini himoya etganidek, uni dunyodan himoya qildi. Undan oshiqchasini ushlab qoldi. Ehtiyojga yarashasini boylar qo‘li bilan unga tomon haydadi. Kasb mashg‘ulligi, yig‘ish va saqlashdagi mashaqqat boylarga, foydasi esa kambag‘allarga bo‘lsin uchun shunday qildi. Shunda ular Alloh ibodati va o‘limdan keyingi hayotga tayyorlanishga o‘zlarini bag‘ishlaydilar. Ularni ortiq dunyo burmaydi, yo‘qchilikdan qo‘rqish mashg‘ul qilib qo‘ymaydi. Bu borib turgan ne’mat. Demak, faqirning haqqi faqirlik ne’matining qadrini bilishdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 01:59:17
Aniq bo‘lyaptiki, Allohning undan dunyoni uzoq qilishdagi fazli unga berishdagi fazlidan ko‘proq ekan. Buning tahqiqi va bayoni, inshaalloh, «Faqirlik kitobi»da keladi. U Alloh subhanahudan rizq va toatga madad o‘laroq olinadigan narsani keragicha olsin. Uning niyati bu narsa bilan Allohning toatiga quvvat olish bo‘lsin. Agar bunga qodir bo‘lmasa, uni Alloh azza va jalla muboh etgan narsaga ishlatsin. Agar u bilan Allohning ma’siyatiga yordam oladigan bo‘lsa, unda Alloh azza va jallaning ne’matlariga kufr keltirgan, Alloh subhanahudan uzoqlashish va g‘azabiga yo‘liqishga mustahiq bo‘ladi

Ikkinchisi - beruvchiga tashakkur aytmog‘i, uni duo qilmog‘i va maqtamog‘i. Oluvchining tashakkur va duosi beruvchini vositalikdan chiqarmagan, lekin Alloh subhanahuning ne’mati oluvchiga yetib kelish yo‘li sifatida bo‘lishligi lozim. Chunki yo‘lning ham yo‘l va vosita bo‘lgani uchun tashakkur va duo eshitishga haqqi bor. Bu - ne’matni Alloh subhanahudan ko‘rishga zid kelmaydi. Darhaqiqat, Rasululloh (s.a.v.): «Kim odamlarga shukr etmasa, Allohga ham shukr etmaydi», deganlar (Termiziy, Abu Dovud va Ibn Hibbonlar rivoyati, hasan, sahih). Alloh azza va jalla ham o‘zi Xoliq va qudratni Yaratuvchi bo‘la turib, bir necha o‘rinlarda bandalarni maqtaydi. Alloh taolo:

«U naqadar yaxshi bandadir. Darhaqiqat, u (Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lga) butunlay qaytguvchidir» (Sod surasi, 30-oyat), deydi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:02:26
Oluvchi duosida bunday desin: «Alloh qalbingni abrorlar qalbi qatorida poklasin! Amalingni axyorlar amali qatorida tozalasin! Ruhingga shahidlar ruhi qatorida rahmat ato qilsin!» Payg‘ambar (s.a.v.): «Kim sizlarga yaxshilik qilsa, uni mukofotlanglar. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, uni to endi albatta mukofotladim, deb bilguningizcha duo qiling» (Abu Dovud va Nasaiy sahih isnod bilan rivoyat qilishgan).

Berilgan narsada ayb bo‘lsa, uni yashirish, tahqirlamaslik, yomonlamaslik, bermasa, ayblamaslik va o‘zi ham odamlar oldida beruvchining qilgan ishiga ehtirom ko‘rsatmog‘i tashakkurning kamolidandir. Bas, beruvchining vazifasi ishini kichik sanash, oluvchining vazifasi esa minnatni ko‘tarish va buyuk sanashdir. Va har bir banda o‘zining haqqini qoim qilishi kerak. Bunda hech bir ziddiyat yo‘qdir. Zero, kichik va buyuk sanash asoslari bir-biriga teskaridir. Beruvchiga foydalisi kichik sanash sabablarini mulohaza etmoqdir. Buning teskarisi unga zarar beradi. Oluvchida esa buning aksidir. Bularning barchasi ne’matni Alloh azza va jalladan ko‘rishga zid kelmaydi. Chunki kim vositani vosita o‘laroq ko‘rmasa, haqiqatda johillik qilibdi. Inkor etilgani esa vositani asl deb ko‘rmoqdir.

Uchinchisi - olgan narsasiga qaramoqlikdir.

Agar u haloldan bo‘lmasa taqvo qilinadi. Alloh taolo aytadi:
«Kim Allohdan qo‘rqsa, U Zot uning uchun (barcha g‘am-kulfatlardan) chiqar yo‘lini (paydo) qilur va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantirur» (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:03:01
Xaromdan taqvo qilganga haloldan futuhlar yo‘q bo‘lmaydi. Turk askarlari, sulton a’yonlari va topishining ko‘pi xaromdan bo‘lgan kishilardan olmasin. Magar holi tang bo‘lsa, beriladigan narsaning muayyan egasi bo‘lmasa, unda ehtiejga yarasha olsa bo‘ladi. Chunki bunga o‘xshash masalalarda shariat fatvosi molni sadaqa etishdir. Hali bu «Halol va xarom» kitobida keladi. Bu haloldan ojiz bo‘lgan paytdadir. Chunki u xarom bo‘lgani holda egasidan zakot o‘laroq voqe’ bo‘lmaydi.

To‘rtinchisi - olayotgan narsasi miqdori to‘g‘risida gumon va ishtiboh o‘rinlaridan saqlanmoqdir. Faqat muboh bo‘lgan miqdorda va faqat zakot olishga haqli bo‘lgan sifatga ega bo‘lgan taqdirdagina olish kerak. Agar mukotablik va qarzdorlik uchun olayotgan bo‘lsa, qarz miqdoridan oshiqcha olmasin. Agar omillik uchun oladigan bo‘lsa, misliy haqdan oshirmasin. Agar oshiqcha berilsa, bundan bosh tortib, rad etsin. Zero, mol endi zakot beruvchiniki emaski, in’om etib yuborsin. Agar musofir bo‘lsa, maqsad qilgan joyiga yetib olguncha yetarli safar xaltasi va ulov kirasidan ziyodasini olmasin. Agar g‘oziy bo‘lsa, g‘azotiga kerak bo‘ladigan narsalar, xususan, qurol, ulov va nafaqadan boshqa narsa olmasin. Bularning miqdori ijtihod bilan bo‘ladi, chegarasi yo‘qdir. Shuningdek, safar xaltasida ham had yo‘qdir. Taqvodorlik - shubhaga qo‘ygan narsani shubhaga qo‘ymagan narsaga tashlash. Agar miskinlik sababidan olayotgan bo‘lsa uy jihozlari, kiyimlari va kitoblariga qarasin. Bular ichida o‘zi yoki nafisligi sababli ehtiyojmandlikdan chiqaradigan narsa bormi? Shunda kifoya qiladigan narsasini, qiymatda oshiqchasini almashtirish imkoni bo‘lardi. Bularning barchasi ijtihodiga havola. Bunda uning mustahiqligini ko‘rsatadigan zohiriy taraf bo‘lsa, unga muqobil haqdormasligini ko‘rsatadigan boshqa taraf ham bordir. Ikkovining o‘rtasi esa ishtibohlidir. Kim chegaraning atrofini aylansa, uni kesib o‘tishga yaqin bo‘lib qoladi. Bunda e’timod oluvchining zohiriy so‘zigadir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:03:21
Muhtojning ehtiyojlarini belgilashda torlik va kenglik qilish darajalarining hisobsiz bir qancha maqomlari bordir. Taqvodorning mayli yo‘lni tor olishga bo‘lsa, yengil oluvchining mayli esa yo‘lni keng olishda bo‘lib, hatto keng olishning turli xillariga o‘zida ehtiyoj sezadi. Bu shariatda qoralanadi.

Agar hojati talab etmasa ko‘p mol olmasin. Balki olgan vaqtida bir yilga kifoya qiladigan miqdor bilan cheklansin. Bu ruxsatning eng oxiridir. Shu sababli yil takrorlansa kirim sabablari ham takrorlanadi. Yana: «Rasululloh (s.a.v.) ham oila a’zolariga bir yillik ozuqani g‘amlardilar» (Imom Buxoriy, Muslim va Tabaroniylar rivoyati). Faqir va miskinning haddiga eng yaqin holat shudir. Agar bir oylik yoki kunlik hojati bilan kifoyalansa, taqvoga yaqini shudir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:03:34
Zakot va sadaqaga olingan narsaning miqdori haqida ulamolarning qarashlari turlichadir. Ayrimlari uning kami haqida faqat bir kecha-kunduzlik ozuqa miqdori bilan cheklanish vojib deb mubolag‘a etishgan. Ular Sahl ibn Hanzalaning: «Payg‘ambar (s.a.v.) boy bo‘lgani holda tilanishdan qaytarganlar. Boy kishi haqida so‘rashganida: «Nonushta va kechqurunligidir», deya javob qilganlar», degan rivoyatini mahkam ushlaganlar (Abu Dovud va Ibn Hibbon rivoyatlari). Ba’zilari esa boylik chegarasigacha olsa bo‘ladi, deyishgan. Boylik chegarasi esa zakot nisobidir. Zero, Alloh taolo zakotni faqat boylarga vojib etgan. Ular oluvchi o‘ziga va oila a’zolarining har biriga zakot nisobini olishi mumkin, deyishadi. Yana boshqa olimlar boylik chegarasini ellik dirham yoki shuncha qiymatdagi tilla miqdorida belgilashgan. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Ehtiyoji bo‘la turib tilangan kishi qiyomatda yuzi tilinib keladi». Shunda: «Ehtiyoji nima?» deb so‘rashganida: «Ellik dirham yoki unga to‘g‘rikeladigan oltin», deya javob qildilar (sunan egalari rivoyat etishgan, Termiziy hasan, Nasaiy va Xattobiylar zaif, deyishgan). Aytishlaricha, bu rivoyat kuchli emas. Bir qavm ellik o‘rniga qirq degan. Ato ibn Yasor Rasulullohdan (s.a.v.) munqati’ yo‘l bilan rivoyat etadi: «Kimda bir uqiyya tilla bo‘lgani holda tilansa tilanishda shilqimlik qilibdi» (Abu Dovud va Nasaiylar muttasil yo‘l bilan xam rivoyat etishgan). Boshqa olimlar esa yo‘lni keng olishda mubolag‘a etib deyishgan: «Oluvchi hovlijoy xarid qilishga yetadigan miqdorda olishi mumkin». Bu bilan u umr bo‘yi muhtojlik ko‘rmay yashaydi. Yoki tijorat qilishga mol hozirlash mumkin bo‘lgan miqdor olishi mumkinki, bu bilan ham umri mobaynida ehtiyojmand bo‘lmaydi. Chunki mana shu holgina boylikdir. Darhaqiqat, Umar (r.a.): «Agar bersangiz, boy qilib qo‘ying», deganlar. Hattoki, bir qavm kishi kambag‘al bo‘lib qolsa o‘n minglarcha dirham bo‘lsa ham, oldingi holatiga qaytgudek miqdorda olishi mumkin deyishgacha borishgan. Ammo mo‘‘tadillik chegarasidan o‘tmaslik kerak bo‘lgan. Bir kuni Abu Talhani bog‘lari namozdan mashg‘ul etganda, uni sadaqa qildim dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Uni yaqinlaringga qilgin. Bu sen uchun yaxshidir», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiylar rivoyati.) Uni Hasson va Abu Qatodaga berdilar. Atrofi o‘ralgan xurmozor ikki kishi uchun ko‘p va behojat qiluvchi hisoblanadi. Umar (r.a.) esa bir a’robiyga bo‘talog‘i bor tuya berganlar. Kenglik borasida shular hikoya qilingandir
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:03:46
Kamaytirishga kelsak, bir kunga yetadigan ozuqa yoki uqiyya (qirq dirham) yetarlidir. Bu tilanchilikning makruhligi va eshiklarni kezib yurish to‘g‘risida vorid bo‘lgan rivoyatlar uchundir. Demak, bu hol man etilgandir. Buning boshqa hukmi ham bordir: berilgan narsa bilan hovli sotib olishning joizligi va bu bilan behojat bo‘lish eng yaqin ehtimoldir. Lekin bu ham isrofga moyillikdir.

Mo‘‘tadillikka eng yaqini bir yilga yetarli narsa berishdir. Bundan ortig‘i xatar va kami esa torlikdir. Agar bu ishlarda chamalash imkoni bo‘lmasa, tavqifan jazm qilinadi. Mujtahidga faqat o‘ziga to‘g‘ri ko‘ringan narsaga hukm qilishgina joiz. So‘ng taqvodorga aytadi: «Qalbingdan fatvo so‘ra, garchi fatvo bersalar ham». Zero, gunoh qalblar yarasidir. Agar oluvchi olgan narsasi to‘g‘risida (gumon) topsa, bu to‘g‘rida Allohdan qo‘rqsin, zohir ulamolari fatvosi bilan cheklanmasin. Chunki ularning fatvolarida qaydlar va zaruriyatlardan umumiyatlar bordir. Yana ularda taxminlar va shubhalarga ehtiyojsizlik bordir. Shubhalardan saqlanish esa diyonatli kishilar sifati va oxirat yuli solihlarining odatlaridandir.

Beshinchisi - mol egasidan unga vojib bo‘lgan miqdor haqida so‘ramog‘i. Agar uning berayotgani nimchorakdan ko‘p bo‘lsa, uni olmaydi (chunki shofe’iy mazhabida yuqorida keltirilganidek, zakot haqdor sakkiz toifaning hammasiga berilishi kerak, ammo bizning hanafiy mazhabida bir toifa bilan chegaralanish mumkin). Chunki u sherigi bilan birga faqat nimchorakni olishga haqli. Demak, o‘sha nimchorakdan o‘z sinfidan bo‘lgan ikki kishining hissasi miqdorida kamaytirsin. Bu so‘rov odamlarning ko‘piga vojibdir. Chunki ular bu taqsimotga yo johillik va yoki yengil qarash oqibatida rioya etishmaydi. Mana shunday ishlarda so‘rovni tark etish joiz bo‘ladi, qachonki gumonga xaromlik ehtimoli g‘olib kelmasa. Savolning zararlari va ehtimolning darajalari zikri «Halol va xarom» kitobida keladi inshaalloh.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:04:06
To‘rtinchi fasl
Ixtiyoriy sadaqa va uning fazilati hamda olish-berish odoblari xaqida

Sadaqa fazilatining bayoni


Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Garchi bir dona xurmo bo‘lsada sadaqa qiling. Chunki u ochiqqandan (ochlikni) to‘sadi va suv o‘tni o‘chirgandek gunohlarni o‘chiradi» (Ibn Muborak «Az-Zuhd»da Ikrimadan mursal holda, Axmad esa Oishadan (r.a.)rivoyat etishgan). Yana Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Garchi bir bo‘lak xurmo bilan bo‘lsada do‘zaxdan saqlaning. Agar uni topmasangiz, yaxshi bir so‘z bilan (saqlaning)» (Imom Buxoriy va Muslimlar Adiy ibn Hotamdan rivoyat qilishgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Bir musulmon banda sadaqani yaxshi bir kasbdan qilsin, chunki Alloh faqat yaxshi narsani qabul qiladi. Alloh u (sadaqa)ni qo‘lidan olib, biringiz go‘dagini tarbiyalagandek, xurmo to Uhudchalik bo‘lguncha tarbiyalaydk» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasaiylar rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) Abu Dardoga (r.a.) dedilar: «Agar suyuq taom pishirsang suvini ko‘paytir, so‘ng qo‘shnilaring xonadoniga qara va ularga bemalol quyib ber» (Imom Muslim rivoyat qilgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Banda sadaqani chiroyli qilar ekan, Alloh azza va jalla ham uning qoldirganiga o‘rinbosarini chiroyli qiladi» (ya’ni, Alloh uning farzandlariga muhofaza uchun yaxshi o‘rinbosar yuboradi) (Ibn Muborak   «Az-Zuhd»da rivoyat qilgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Har bir kishi (qiyomat kuni) to bandalar o‘rtasida hukm qilingunicha sadaqasi soyasida bo‘ladi» (Ibn Hibbon va Hokim rivoyat etishgan). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Sadaqa yomonlikdan yetmish eshikni to‘sadi» (Ibn Muborak va Tabaroniylar rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Maxfiy sadaqa Parvardigor azza va jallaning g‘azabini o‘chiradi». Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Boylikdan berilgan narsa ajrda ehtiyojdan qabul qilingan narsadan afzaldir» (Ibn Hibbon va Tabaroniylar zaif sanad bilan rivoyat qilishgan).
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:04:18
Hojatini daf qiluvchi qarzdan qutilishni maqsad etganda beruvchi berishi bilan dilini yashnatishni qasd etmog‘i barobar ekanligi murod bo‘lsa kerak. Rasulullohdan (s.a.v.): «Qaysi sadaqa afzal?» deb so‘rashdi. U zot javob qildilar: «Sog‘lom, xasis (dunyoda abadiy) qolishni o‘ylayotgan va kambag‘allikdan qo‘rqayotgan holingda sadaqa qilmog‘ingdir. Joning to xalqumga kelib: «Falonchiga shuncha, falonchiga shuncha», deguningcha kutib turmaydi. Bunda falonchiga bo‘lib ketadi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bir kun Payg‘ambar (s.a.v.) ashoblariga: «Sadaqa qilinglar», dedilar. Shunda bir kishi: «Menda bir dinor bor», dedi. Dedilar: «Uzingga infoq qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Dedilar: «Xotiningta infoq qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Dedilar: «Farzandlaringga infoq qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Dedilar: «Xizmatkoringga nafaqa qil». Dedi: «Menda yana bir dinor bor». Shunda Payg‘ambar (s.a.v.): «Sen o‘zing yaxshi bilguvchiroqsan», dedilar (Abu Dovud, Nasaiy, Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Oli Muhammadga sadaqa halol bo‘lmaydi, chunki sadaqa odamlarning chiqindilaridir» (Imom Muslim rivoyati). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Tilanchining malomatini taomdan chumchuqning boshichalik miqdor bilan bo‘lsada, qaytaring!» (Ukayliy «Az-Zuafo»da rivoyat etgan.) Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Agar tilanchi rostgo‘y bo‘lganida edi, uni qaytargan najot topmasdi» (Ukayliy va Tabaroniylar zaif sanad bilan rivoyat qilishgan).

Iso (a.s.) aytadilar: «Kimki tilanchini noumid qaytarsa, farishtalar bu uyni yetti kun o‘rashmaydi». Payg‘ambar (s.a.v.) ikki ishni boshqalarga yuklamasdilar: tungi tahorat suvlarini o‘zlari hozirlab, o‘rab qo‘yardilar va miskinga beradiganlarini o‘z qo‘lari bilan topshirardilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Bir yoki ikki xurmoni bir yoki ikki luqmani qaytaradigan miskin emas, balki miskin o‘zini afif tutgan kishidir. Xohlasangiz: «... ular tilanib turib olmaydilar» (Baqara surasi, 273-oyat) oyatini o‘qing» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Bir muslim boshqa muslimga libos kiydirsa, modomiki undan bir ruq’a qolguncha Alloh azza va jallaning muhofazasida bo‘ladi» (Termiziy hasan, deganlar).
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:04:34
Asarlarda kelishicha Urva ibn Zubayr aytadilar: «Oisha (r.a.) ellik ming dirham sadaqa qilganlar. Holbuki, ro‘mollariga yamoq solingan edi». Mujohid Alloh azza va jallaning: «Va taomni suyub tursalarda, (o‘zlari yemas-dan) miskin, yetim va yesirlarni taomlantirurlar» (Inson surasi, 8-oyat) so‘zi to‘g‘risida: «Ular o‘zlari xohlab tursalarda», dedilar. Umar (r.a.) aytardilar: «Allohim, fazlni (mol ziyodaligini) yaxshilarimizda qilginki, shoyad ular bizdan bo‘lgan hojatmandlarga uni qaytarsalar». Umar ibn Abdulaziz aytardilar: «Namoz seni yarim yo‘lga yetkazadi, ro‘za Malik eshigiga yetkazadi, sadaqa esa undan seni kirgizadi». Ibn Abul Ja’d aytadilar: «Albatta sadaqa yomonlikning yetmish bobini daf qiladi. Uning maxfiysining oshkorasiga nis-batan fazli yetmish barobardir. Albatta u yetmish shaytonning jag‘ini sindiradi». Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Bir kishi Allohga yetmish yil ibodat qildi. So‘ng bir yomon ish qilib qo‘yib, hamma amali bekor bo‘ldi. Keyin bir miskinning oldidan o‘tib, unga bir burda obi-non sadaqa qildi. Shunda Alloh uning gunohini kechirib, yetmish yillik amalini qaytarib berdi». Luqmon o‘g‘illariga dedilar: «Agar bir gunoh ish qilsang sadaqa bergin». Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Sadaqa donasidan ko‘ra dunyo tog‘larini ziynatlaydigan donani bilmayman». Abdulaziz ibn Abu Ravvod aytadilar: «Uch narsa jannat boyliklaridan yoki yaxshilik xazinalaridandir. Bular: kasalni yashirish, sadaqani berkitish va musibatni pinhon tutish». Buni u Payg‘ambargacha (s.a.v.) yetkazib rivoyat qiladi. Umar ibn Hattob (r.a.) aytadilar: «Albatta amallar o‘zaro faxrlanadi. Shunda sadaqa men eng afzalingizman, deydi». Abdulloh ibn Umar (r.a.) odamlarga shakar sadaqa qilib buning boisini izohlab derdilar: «Men Allohning: «Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz» (Oli Imron surasi, 92-oyat), deganini eshitdim. Va Alloh mening shakarni yaxshi ko‘rishimni biladi». Naxaiy aytadilar: «Agar bir narsa Alloh uchun berilsa, unda ayb bo‘lmoqligi meni xursand qilmaydi». Ubayd ibn Umayr aytadilar: «Qiyomat kuni odamlar hech bo‘lmagan ochlikda, hech bo‘lmagan chanqoqlikda va hech bo‘lmagan yalang‘ochlikda tiriladi-yu, kim Alloh azza va jalla uchun yedirgan bo‘lsa, Alloh uni to‘ydiradi. Kim Alloh azza va jalla uchun ichirgan bo‘lsa, Alloh uni qondiradi. Va kim Alloh azza va jalla uchun kiydirgan bo‘lsa, Alloh uni kiyintiradi». Hasan aytadilar: «Agar Alloh xohlaganida edi, ichingizda faqir qoldirmay, hammangizni boy qilib qo‘yardi. Lekin U ba’zingizni ba’zingiz bilan imtihon qildi». Sha’biy aytadilar: «Kim o‘zini sadaqasining savobiga faqirning sadaqaga muhtojligidan ko‘ra ehtiyojmandroq ko‘rmasa, darhaqiqat, sadaqasini botil qilibdi va u bilan yuziga uribdi». Molik aytadilar: «Boy kishining masjidlarda suv ulashish uchun sadaqa qilingan idishdan suv ichishida gunoh ko‘rmaymiz. Chunki bu alalxusus muhtoj va miskinlar qatorida zikr qilinmagan tashna kishilar uchun ham qo‘yilgandir». Aytishlaricha, Hasanning oldilaridan naxxos (qul savdosi bilan shug‘ullanuvchi kishi) bir joriya bilan o‘tib qoldi. Unga: «Joriyaning qiymati bir va ikki dirham bo‘lishiga rozimisan?» dedilar. Undan «Yo‘q» javobini olgach, Hasan unga: «Bor jo‘na, chunki Alloh azza va jalla jannatdagi hurlar uchun bir chaqa va bir luqmaga rozi bo‘lgandi», dedilar
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:05:09
Sadaqani maxfiy va oshkor qilish bayoni

Bu to‘g‘rida ixlos toliblari yo‘li ixtiloflidir. Bir qavm maxfiylik afzalligiga moyil bo‘lsa boshqa qavm oshkoralik afzal deydi. Biz bularning barchasidagi ma’no va ofatlarga ishora qilamiz. So‘ng undagi haqiqatdan pardani ko‘taramiz. Maxfiylikka kelsak, unda beshta ma’no bor.

Birinchisi - oluviga nisbatan pana bo‘lishda u boqiyroqdir. Ochiq-oshkora olish olijanoblik pardasini yirtishdir. Ehtiyoj haqida jar solish va qanoatlari sababli bilmagan odamga boy-badavlat bo‘lib ko‘rinadigan afiflik va yoqimli ehtiyotkorlik hay’atidan chiqishdir.

Ikkinchisi - u odamlarning dillari va tillari uchun tinchroqdir. Chunki ko‘pincha ular hasad qiladilar yoki olishini ma’qullaydilar. Va u behojat bo‘la turib olayapti deb o‘ylaydilar. Yoxud ortiqcha olganlikda ayblashadi. Hasad yomon gumon va g‘iybat gunohi kabiralardandir. Ularning bu gunohlardan saqlanishlari a’lodir. Abu Ayyub As-saxtiyoniy aytadilar: «Men yangi ko‘ylak kiyishni hasad tufayli qo‘shnilarim o‘rtasida gap bo‘lishidan qo‘rqqanim uchun tark etdim», dedilar. Zohidlardan biri dedi: «Ayrim narsalarni ishlatishni birodarlarim «Bu unga qaerdan keldi?» deganlari sababidan ko‘pincha tark etdim». Ibrohim At-taymiydan naql etiladi: «Bir marta ul zotni yangi kiyimda ko‘rishganida, bir birodarlari: «Sizga bu qaerdan keldi?» deb so‘radi. Ibrohim: «Birodarim Haysama kiydirib qo‘ydi. Agar ahli buni tanib qolishini bilganimda, qabul qilmasdim», dedilar.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:05:18
Uchinchisi - beruvchiga amalni yashirishda yordam bermoqdir. Chunki berishdagi maxfiylikning oshkoralikka nisbatan fazilati ko‘proqdir. Yaxshi ishni oxiriga yetkazmoqqa yordam berish ham yaxshilikdir. Yashirish esa ikki tomon bilan komil bo‘ladi. Oluvchi oshkor qilishi bilan beruvchining ishi ochilib qoladi. Bir kishi olimlardan biriga ochiq holda narsa bergandi, uni rad etdi. Boshqa kishining maxfiy bergan narsasini esa qabul etdi. Undan bu to‘g‘rida so‘raganlarida: «Albatta bunisi yaxshiligini yashirib, odob bilan muomala etdi qabul qildim. Unisi esa muomalasida odobsizlik qildi qaytarib berdim», dedi. Bir kishi so‘fiyga ko‘pchilik ichida bir narsa bergandi u rad etdi. Shunda: «Nima uchun Alloh azza va jalla senga bergan narsani qaytaryapsan?» deb so‘radi. So‘fiy unga shunday javob qildi: «Sen Alloh uchun bo‘lgan narsaga Alloh subhanahudan boshqani sherik qilyapsan. Alloh azza va jalla bilan qanoatlanmayapsan. Bas, senga shirkingni qaytaryapman». Oriflardan biri oshkoralikda qaytargan narsasini yashirin berilganida qabul qildi. Unga bu to‘g‘rida gapirilganida shunday dedi: «Oshkor berish bilan Allohga osiy bo‘lding, men senga ma’siyatda madadkor bo‘lmadim. Yashirin berib toat etding. Sening yaxshiligingda yordam berdim». Savriy aytadilar: «Agar ba’zilarning sadaqasini yodga olmasligini va gapirmasligini bilganimda, sadaqani qabul qilardim».

To‘rtinchisi - olishni oshkor qilishda xorlik va mahonat bordir. Mo‘min esa o‘zini xo‘rlamasligi kerak. Olimlardan biri yashirin holda olib, oshkoralikda olmasdi. Va shunday derdi: «Albatta oshkoralikda ilmni xorlash va ahlini tahqirlash bordir. Men ilmni kamsitish va ahlini xorlash bilan dunyodan biron narsani ulug‘lamayman!»
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:05:29
Beshinchisi - sheriklik shubhasidan saqlanish bordir Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Kimga hadya berilsa va huzurida odamlar bo‘lishsa, unga bu to‘g‘rida ular sherikdirlar» (Uqayliy, Ibn Hibbon, Tabaroniy va Bayxaqiy rivoyatlari. Uqayliy bu matnda hadis sahih emas deganlar). Hadyaning kumush yoki tilla ekanligi uni hadyalik xususiyatidan chiqarmaydi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Kishining o‘z birodariga qiladigan eng yaxshi hadyasi kumush yoki yediradigan taomidir». Bas, kumush hadya qilinadi. Uni ko‘pchilik ichida bir kishiga berish makruhdir. Illo, hammalari rozi bo‘lishsa mumkin, lekin bunda ham shubhadan xoli bo‘lmaydi. Agar bir kishi o‘zi bo‘lsa, shubhadan salomat bo‘ladi.

Ammo oshkor qilish va u haqda so‘zlashlikda to‘rt ma’no bordir.

Birinchisi - bunda ixlos, rostlik, holat chalkashligidan va ikkiyuzlamachilikdan salomat bo‘lish bordir.

Ikkiichisi - obro‘ va martabani tushirish, bandalik va miskinlikni izhor qilish, kibriyolik va boylik da’vosidan voz kechish va xalq ko‘zida nafsni sindirish bordir. Oriflardan biri shogirdiga shunday dedi: «Agar (sadaqa) oluvchi bo‘lsang har qanday holda olishingni oshkor qil. Shunda sen ikki kishidan albatta biri bo‘lasan: biri - qalbidagi narsani sindirgan kishi bo‘lib, shunday qilsang, murod shuldirki, dining salomatroq, qalbingning ofatlari kamroq bo‘ladi. Ikkinchisi - rostlikni izhor qilishing bilan qalbdagi narsasini ziyoda qilgan kishidirki, buni birodaring xohlaydi. Chunki bunda uning savobi senga muhabbati va hurmati barobaricha ziyoda bo‘ladi. Uning savobi ziyoda bo‘lishiga sabab ekaning uchun sen ham ajr olasan».
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:05:41
Uchinchisi - orif Alloh azza va jallagagina qaraydi. Uning haqqida maxfiylik va oshkoralik birdekdir. Holning o‘zgarishi esa tavhiddagi shirkdir. Oriflardan biri shunday deydi: «Biz maxfiy olib, oshkora qaytaradigan kishining duosiga ahamiyat bermaymiz. Hozir bo‘lishadimi, yo‘qmi, xalqqa e’tibor berish holdagi nuqsondir. Balki nazar Vohidul-Fardga chegaralangan bo‘lmog‘i lozim». Hikoya etilishicha, shayxlardan biri barcha murididan bittasiga ko‘proq mayl etardi. Bu hol boshqalarga malol kelardi. Shayx ularga ana shu muridning fazilatini ko‘rsatib qo‘yish uchun har biriga bittadan tovuq berib dedi: «Sizlardan har biringiz tovug‘i bilan yolg‘iz qolsin va hech kim ko‘rmaydigan sharoitda uni so‘ysin». Har biri yolg‘iz o‘zi bo‘lib, tovug‘ini so‘ydi, faqat mazkur murid bunday qilmay, tovuqni qaytardi. Shayx ulardan so‘radi. Ular: «Shayx bizga buyurgan narsani qildik», deyishdi. Shunda shayx haligi muriddan: «Senga nima bo‘ldi? Do‘stlaring qilganidek nega so‘ymading?» deya so‘radi. Murid javob qildi: «Men birov ko‘rmaydigan makonni topolmadim. Chunki Alloh hamma yerda meni ko‘radi». Shunda Shayx: «Mana shuning uchun unga mayl etaman. Chunki u Alloh azza va jalladan boshqaga qaramaydi», dedi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:05:59
To‘rtinchisi - albatta izhor etish shukr sunnatini qoim qilishdir. Darhaqiqat, Alloh taolo aytgan: «Parvardigoringizning (sizga ato etgan) barcha ne’mati haqida bo‘lsa, (kishilarga doimo) so‘zlang!» (Vaz-zuha surasi, 11-oyat.) Yashirish esa kufroni ne’matdir. Darhaqiqat, Alloh azza va jalla O’zi bergan narsasini yashirgan kishini mazammat etib, uni baxilga tenglashtirdi. Alloh taolo aytadi: «Albatta Alloh o‘zlari baxillik qiladigan va o‘zga odamlarni ham baxillikka chaqiradigan hamda Alloh fazlu karamidan bergan ne’matlarni yashiradigan mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi» (Niso surasi, 36-37-oyatlar). Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Agar Alloh bir bandaga ne’mat bersa, ne’matini unda ko‘rmoqni sevadi» (Aumad sahih sanad bilan rivoyat qilgan, Termiziy hasan degan). Bir kishi solihlardan biriga yashirin narsa berdi. Shunda u kishi qo‘lini ko‘tarib: «Bu dunyodandir. Bunda oshkoralik yaxshidir. Oxirat ishlarida esa sir afzaldir», dedi. Shuning uchun solihlardan biri dedi: «Agar ko‘pchilik ichida berishsa olgin, so‘ng maxfiy ravishda qaytarib bergin. Chunki bunda tashakkur etish mahbub ishdir». Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: «Kim odamlarga shukr qilmasa Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi» (sanadi oldin o‘tgan). Shukr mukofot maqomiga qoimdir. Hatto Rasululloh (s.a.v.): «Kim sizlarga yaxshilik qo‘lini cho‘zsa uni taqdirlang. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, uni yaxshilik bilan maqtang va duo qilingki, hatto o‘zingiz uni mukofotladim deb biling», dedilar (sanadi oldin o‘tgan). Muhojirlar shukr haqida gapira turib dedilar: «Yo Rasululloh, huzurlariga borganimizda mollarini bizga taqsimlab bergan qavmnikidan ko‘ra yaxshilik ko‘rmadikki, hatto ajrning hammasini ilib ketdilar deb qo‘rqamiz». Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Aslo-aslo. Ularga aytgan tashakkur va maqtovlaringiz o‘zi mukofotdir», deb javob berdilar (Termiziy va Hokim rivoyashlari)
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:06:08
Hozir bu ma’nolarni tushungan bo‘lsang, bilgilki bu to‘g‘rida naql qilingan odamlarning ixtilofi bu masaladagi ixtilof emas, balki holdagi ixtilofdir. Bundagi pardani ko‘tarish shuki, biz har qanday holda maxfiylik afzal yoki oshkoralik afzal deya qat’iy hukm qilmaymiz. Balki bu niyatlar ixtilofiga qarab farqlanadi, niyatlar esa hollar va shaxslarga qarab farqlanadi. Ixlosli kishi o‘z nafsidan xabardor bo‘lib turishi lozimki, toki u g‘urur arqoniga osilib qolmasin, tabiat firibi va shayton makriga aldanib qolmasin. Makr va aldov maxfiylik ma’nosida oshkoralikdan ko‘ra ko‘proqdir. Ayni chog‘da ularning har biriga bu illatlarning daxli bordir. Maxfiylikdagi aldov daxliga kelsak, u obro‘ va darajaning tushishi, odamlar ko‘z o‘ngida qadrning pasayishi, xalqning unga taxqirlash ko‘zi bilan qarashi va beruvchiga esa valine’mat hamda muhsin ko‘zi bilan boqishidan iborat holatlar mavjudligi uchun tabiatning unga moyil bo‘lishidir. Bu tuzalmas darddir. Nafsda yaxshilab o‘rnashib, shayton uning vositasida yaxshi ma’nolarni yuzaga chiqaradiki, hattoki u maxfiylik haqida zikr qilingan besh ma’no bilan kasallanadi.

Barchasining me’yor va toshi bir narsadir. U ham bo‘lsa, sadaqa olishi ochilib qolish sababidan ozorlanishi ba’zi tengqur va o‘ziga o‘xshashlarning olgan sadaqasi ochilib qolgandagi ozorlanishiga o‘xshamog‘idir. Chunki u odamlarni g‘urbat, hasad, yomon gumondan muhofaza etishdan yoki parda yirtilmog‘idan saqlamog‘i yoki maxfiy qilishda beruvchiga ionatni yoxud ilmni isrof bo‘lishdan asrashni istasa, bularning barchasi birodari sadaqasining ochilib qolishi bilan hosil bo‘ladigan ishlardandir. Agar uning ishini ochilib qolishi boshqa birovniki ochilib qolishidan og‘irroq tuyulsa, unda taxmini shaytonning makr va hiylasidan bo‘lgan chalkash va botil ushbu ma’nolardan qochish bo‘lmog‘i kerak. Chunki ilmni xorlash man etilgandir. Bu Zaydning ilmi yoki Amrning ilmi ekanidan emas, balki ilm bo‘lgani uchundir. G’iybat ham muhofazalangan sha’nga tekkani uchun ta’qiqlangandir. Alalxusus, Zaydning sha’nini obro‘sizlantirgani uchun emas. Kim shunga o‘xshagan narsalarning mulohazasini yaxshilab qilsa, shayton undan ojiz qoladi. Illo, amaj ko‘p, nasibasi kam bo‘yicha qoladi.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:06:18
Oshkor etish tomoniga kelsak, beruvchining qalbi xush bo‘lgani uchun shunday qilishga boshqalarni undash borligi uchun va boshqalarning oldida oluvchini shukr etishda mubolag‘a qilishini ko‘rsatish borligi uchun ta’b unga moyil bo‘ladi. Bu ham botinga ko‘milgan tuzalmas darddir. Shayton diyonatli kishiga mana shu razolatni sunnat ko‘rinishida targ‘ib qilish bilangina kuchi yetadi. Unga: «Shukur sunnatdandir, maxfiylik esa riyodandir», deydi. Unga zikr qilgan ma’nolarimizni oshkor berishga majburlash uchun tizib tashlaydi.

Buning me’yori va toshi-tashakkur aytishga nafsining mayli qandayligiga boqmog‘idir. Bu beruvchiga va berishga rag‘bati bor kishiga xabar yetmagan holatda, hamda tuhfani oshkor qilishni yomon ko‘radigan va maxfiylikka qiziqadigan jamoat oldida bo‘lmog‘i lozimdir. Ularning odatlari maxfiy etib, rahmat aytmaydiganlarga berish edi. Agar bu holatlar uning nazdida barobar bo‘lsa bilsinki, demak, uning niyati tashakkur va ne’matni so‘zlashdagi sunnatni qoyim qilishdir. Aks holda, u mag‘rur - aldangandir.

So‘ng niyati tashakkur etishdagi sunnat ekan beruvchining haqqini ado etishdan g‘aflatda qolmasin. Boqsinki, agar u tashakkurni va ovoza bo‘lishni yoqtiradiganlardan sanalsa, u bergan sadaqayi-maxfiy etmog‘i va rahmat aytmasligi lozim bo‘ladi. Chunki uning haqqini ado etish unga zulmga yordam bermaslik edi. Uning tashakkur istashi zulmdir.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:06:30
Agar uning holidan tashakkurni sevmasligi va uni maqsad qilmasligi ma’lum bo‘lsa, shunda tashakkur aytadi va sadaqasini oshkor qiladi. Shuning uchun ham Rasululloh (s.a.v.) ham oldilarida maqtalgan kishi to‘g‘risida: «Uning bo‘yniga urdinglar, agar buni u eshitganda najot topmasdi», dedilar (Muttafaqun alayh). Shu bilan birga u zot (s.a.v.) bir qavmni iymonlariga ishonganlari va bu hol ularga zarar bermasligi, balki yaxshilik yo‘lidagi rag‘batlari yanada ziyoda bo‘lishini bilganlari uchun yuzlariga maqtardilar. Ulardan biri haqida: «U badaviylarning sayyididir», desalar (Anbariy va Tabaroniylar rivoyati), boshqa o‘rinda: «Agar sizlarga bir qavmning ulug‘i kelsa, uni ikrom qilinglar» (Sha’biy sahih sanad bilan mursal holda rivoyat qildilar), deydilar. Bir odamning gapini eshitib hayratlanganlarida: «Albatta bayonda sehr bordir» (Buxoriy rivoyati), dedilar. Yana aytadilar: «Agar biringizga bir birodarining yaxshiligi ma’lum bo‘lsa, buning xabarini unga bersin, chunki bu uning yaxshilikka rag‘batini ziyoda qiladi» (Doriqutniy rivoyati), «Agar mo‘min maqtalsa, qalbida iymon o‘ladi» (Tabaroniy zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Savriy aytadilar: «Kim o‘zini bilsa odamlarning maqtovi zarar bermaydi».

Bu ma’nolarning daqiqidir. Qalbining rioyasini qilgan kishi bularni mulohaza etadi. Bu noziklikka beparvo bo‘lib qilingan a’zolarning amallari shaytonga kulgidir. Chunki bunda mashaqqat ko‘p bo‘lib, foyda kamdir. «Bir masalani bilmog‘im bir yillik ibodatdan afzaldir», degan ma’no mana shunga o‘xshash ilm haqida aytilgandir. Zero, bu ilm bilan umr ibodati jonlanadi. Va jaholat bilan o‘lib, ishdan chiqadi.

Xullas, ko‘pchilik ichida olib, yashirin holda qaytarib berish yo‘llarning eng yaxshisi va tinchidir. Kishi naqshu-bezaklarga qiziqmasligi kerak. Illo, ich va tash barobar bo‘ladigan darajaga yetishguncha ma’rifatni kamolga yetkazish lozim. Bu esa gapirilaveradi-yu, lekin ko‘zga ko‘rinmas falsafa toshidir. (U - o‘rta asr alximiklariga ko‘ra, har qanday ma’danni oltinga aylantira oladigan tosh). Allohdan chiroyli yordam va muvaffaqiyat so‘raymiz.
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:07:35
Sadaqa yoki zakot olishdan afzalining bayoni

Ibrohim Al-Xavvos, Junayd va boshqa bir jamoat sadaqani olishni afzal sanaydilar. Chunki zakotni olishda miskinlarga zahmat va qiyinchilik bor. Zero, ko‘pincha olish uchun Qur’oni karimda tavsiflangan haqdorlik sifatlari yetarli bo‘lmasligi mumkin. Sadaqada esa ish ancha kengdir.

Sadaqani emas, zakotni oladi, deganlar aytishadi: «Chunki bu vojibga madad berishdir. Agar miskinlar hammalari zakot olishni tark qilishsa, barobar gunohkor bo‘lishadi. Chunki zakotda minnat yo‘qdir». Va u Alloh subhanahuning muhtoj bandalariga rizq o‘laroq qilgan vojib haqqidir. Chunki u ehtiyoj yuzasidan olmoqda. Inson o‘z hojatini aniq biladi. Sadaqani olish qarzga olishdir. Chunki ko‘pincha sadaqa beruvchi bu to‘g‘rida yaxshi deb e’tiqod qilgan kishisiga beradi. Chunki miskinlarga oshnolik zillat va tavozega kirgizadi. Mutakabbirlikdan uzoq qiladi. Zero, inson sadaqani hadya ko‘rinishida oladi. Shundan uni ajratib bo‘lmaydi. Bu oluvchining xorligi va muhtojligini anglatadi. Bu to‘g‘ridagi haq so‘z shuki, bu narsalar shaxsning holatlariga va unda g‘ojb bo‘lgan sifatga va ko‘ngliga tukkan niyatiga qarab o‘zgaradi. Agar u haqdorlik sifati bilan vasflanmagan bo‘lsa, unga zakot olish durust bo‘lmaydi. Agar yaxshilikka sarflangan qarzi bo‘lib, uni to‘lashga imkoniyati yo‘q kishi kabi o‘zini zakot olishga to‘la haqli hisoblasa, demak, u qat’iyan haqlidir. Agar bu inson zakot olish va sadaqa o‘rtasida ixtiyorli bo‘lsa, sadaqa egasining molini olmasa, sadaqa etmasligini bilib qolsa, uni olsin. Chunki vojib zakotni egasi haqdor kishiga shundoq ham beraveradi. Agar shunday qilinsa yaxshilik ko‘payadi, miskinlarga kenglik bo‘ladi. Agar mol sadaqaga atab qo‘yilgan bo‘lsa, zakotni olish miskinlarga qiyinchilik tug‘darmasa, bu holda u ixtiyoriydir. Bu to‘g‘ridagi ishlar tafovutlidir. Zakotni olish ko‘p hollarda nafsni sindirish, xorlashdir, vallohu a’lam.

Allohga hamd bo‘lsinki, yordami va go‘zal muvaffaqiyati bilan «Zakot sirlari» kitobi bitdi. Buning ortidan, inshaalloh, «Ro‘za sirlari» kitobi keladi. Sayyidimiz Muhammadga barcha payg‘ambar va rasullarga, ahli samo va yerdan bo‘lgan farishta va muqarrablarga va oli ashobga qiyomatga qadar ko‘p va doimiy salovot va salomlar bo‘lsin. Hamd tanho Allohgadir. Alloh bizga kifoyadir. U qanday ham yaxshi vakildir!
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:12:57
MUNDARIJA

Muqaddima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147799#msg147799)
Birinchi fasl. Zakotning turlari va vojib bo‘lish sabablari haqida (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147802#msg147802)
Ikkinchi fasl. (Zakotni) ado qilish va uning botiniy hamda zohiriy shartlari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147811#msg147811)
Zakotdagi nozik botiniy odoblarning bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147817#msg147817)
Uchinchi fasl. Zakot oluvchi va uning haqli bo‘lish shartlari hamda olish odoblari to‘g‘risida (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147839#msg147839)
Oluvchi vazifalarining bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147844#msg147844)
To‘rtinchi fasl. Ixtiyoriy sadaqa va uning fazilati hamda olish-berish odoblari xaqida (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147851#msg147851)
Sadaqa fazilatining bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147851#msg147851)
Sadaqani maxfiy va oshkor qilish bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147854#msg147854)
Sadaqa yoki zakot olishdan afzalining bayoni (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.msg147862#msg147862)
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Zakot sirlari kitobi). Imom G'azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 29 Sentyabr 2008, 02:15:22
Ihyou ulumid-din. Zakot sirlari kitobi

(http://ziyouz.com/images/books/ihyo_zakot.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=257)

Muallif: Imom G'azzoliy
Hajmi: 158 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=257)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=2885.0)