forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Islomiy kitoblar => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:55:33

Nom: Abdulaziz Mansur. Aqoid matnlari
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:55:33
O’ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI

AQOID MATNLARI

Nashrga tayyorlovchi va tarjimon:
Shayx Abdulaziz Mansur

«Toshkent islom universiteti» nashriyot-matbaa birlashmasi
Toshkent — 2006

Ma’lumki, o‘rta asrlarda kalom ilmi diniy-falsafiy fikrlar, islomning nazariy asoslarini o‘rganish va uning aqidalariga e’tiqod qilish borasidagi ilmlarni ifodalagan. Shuningdek, bu ilm islomdagi turli firqa va oqimlarning Qur’on hamda Sunna ta’limotini aql-idrokka tobe etish kabi qarashlari, o‘zaro munozaralari natijasida shakllangan.

MUNDARIJA

Abu Mansur al-Moturidiy (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2043&Itemid=96)
Al-Fiqhul akbar. Imomi A'zam Abu Hanifa (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2042&Itemid=96)
Al-Aqidatut-Tahoviya. Imom Tahoviy (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2041&Itemid=96)
Aqoidi Nasafiya. Imom Nasafiy (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2040&Itemid=96)
Bad’ul-amoliy. Sirojiddin al-Farg'oniy  (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2039&Itemid=96)
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:55:50
MUQADDIMA

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

Hamdu sano ul Xoliqi donogakim, bizlarni aqlu nutq ila sarafroz va ilmu ma’rifat ila e’zoz etibdur. Yana, salavotu salomlar ul risolatpanoh Rasuligakim, sunnati saniyalari sharofatidan imonu aqidalarimizga soflik va axloqu amallarimizga poklik yetibdur.
Ammo ba’d, aqlu donish va ma’rifat ahliga maxfiy emasdurkim, aqoid ilmi diniy fanlar onasi va ilmiy mavzular durdonasidir. Ani dilga jo qilmay turib, ibodat va amallarga ruju qilmoq komil bandalik emas, balki ayni sharmandalikdir. Shu boisdanmu Shayx So‘fi Alloyor demishlar:

Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa yeldir.


Binobarin, ushbu zamoni saodatda bunchalik xo‘b fursat yetibdurkim, mazkur fan asoschisi, Ahli Sunna val-Jamoa peshvosi, mutakallimlar imomi Abu Mansur Moturidiy hazratlarining tavallud sanalari munosabati ila aqoid fanining yurtimizda yana rivoj topishiga ishonch va shu tufayli dillarda quvonch hosil bo‘ldi.
Ushbu mo‘‘jaz va muxtasar risolamizda Shayx Abu Mansur Moturidiy va ul zot asos solgan moturidiya aqidasiga doir muhim ma’lumotlar va aqoid matnlaridan to‘rttasining tarjimasini taqdim etamiz.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:56:08
SHAYX ABU MANSUR HAZRATLARINING TARJIMAI HOLLARI

To‘liq ismi shariflari — Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiy.
Moturid — Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birining nomi. U hozirda buzilgan shaklda Matrit deya ataladi. Aslida esa, manbalarda aytilishicha, qishloqning nomi arabcha «Mo turid?» so‘zidan olingan. Ma’nosi «Nima demoqchisan?»dir. Aytishlaricha, Shayx Abu Mansur kalom ilmiga ruju qilgan paytlarida shogirdlari ko‘payib ketgan va ular o‘zaro bahs qilganlarida bir-birlariga arab tilida ko‘pincha «Mo turid?» deb murojaat qilganlar. Shu so‘z ko‘pchilik qulog‘iga tez-tez chalinavergach, Shayx shogirdlarini moturidiylar, qishloq nomini esa Moturid deb atay boshlaganlar (Zarnujiy. «Ta’lim al-muta’allim» sharhi).
Nasablari Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilib kelganlarida o‘z uyidan joy bergan mashhur sahobiy - Abu Ayyub Xolid ibn Zayd ibn Kulayb al-Ansoriy hazratlariga borib yetadi, deb naql qiladilar. Bu nisbatni ba’zi muarrixlar rad etganlar.
Tug‘ilgan yillari haqida tarixiy manbalarda qat’iy ma’lumot yo‘q, lekin taqribiy yoki taxminiy sanalar berilgan. Masalan, uning abbosiy xalifalardan Mutavakkil (232-247h.) davrida yashaganlari aniq. Yana, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy (vaf. 248 h.) va Nasir ibn Yahyo al-Balxiy (vaf. 268 h.) kabi ustozlaridan saboq olganliklarini nazarda tutilsa, Shayxning tug‘ilgan yilini 238 h. deb taxmin qilish mumkin.
Lekin boshqa manbada, aniqrog‘i «Islom» qomusida tug‘ilgan yillari 870 milodiy yil deb ko‘rsatilgan. Shunga asosan 2000 yilda tavalludlarining 1130 yilligi nishonlandi. Bu hisobga ko‘ra, Shayx tavalludlari 257 h. yilga to‘g‘ri keladi.
Vafot etgan sanalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning eng ishonchlisi 333 h.y. hisoblanadi. Bu milodiy sana bo‘yicha 944 yilga to‘g‘ri keladi.
Moturidiya ulamolarining eng mashhurlaridan Abu Muin an-Nasafiy (438-508 H./1046—1114 m.) o‘zlarining «Tabsiratul-adilla» kitobida shunday yozadilar: «Abu Mansur Moturidiy vafot etganlarida yaqin shogirdlaridan biri Abul-Qosim al-Hakim uning qabr toshiga quyidagi bitikni yozdirgan ekan:
Ya’ni: «Bu qabr nafaslari miqdoridagi ilmlarni o‘zida jam etgan, bor kuchini u ilmlarni tarqatish va o‘rgatish bilan tugatgan, bas, shuning uchun diniy asarlari maqtovga sazovor bo‘lgan va o‘z umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotning qabridir».
Shayx Abu Mansur Moturidiyning qabri Samarqand shahrining Chokardiza qabristonida ekanligi ishonchli manbalar va ilmiy tadqiqotlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi. Shunga binoan 2000 yilning may oyida O’zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan bu xususda maxsus fatvo chiqarildi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:56:17
Ilmiy unvonlari:
— Imomul-hudo (Hidoyatga eltuvchi imom);
— Qudvatu Ahlis-sunna (Ahli Sunnat peshvosi);
— Musahhihu aqoidil-muslimin (Musulmonlar aqoidini isloh etuvchisi);
— Imomul-mutakallimin (Kalom ilmi olimlarining peshvosi);
—  Rabibu Ahlis-sunna (Ahli Sunna val-Jamoa tarbiyasini olgan);
— Al-Imom az-Zohid (Dunyoni tark etgan imom);
— Ash-Shayx al-Imom va hokazo.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:56:27
USTOZLARI (shayxlari)

Shayx Abu Mansur Moturidiyning ustozlari yoki shayxlari Imom A’zam Abu Hanifa — No‘‘mon ibn Sobitning shogirdlari hamda shogirdlarining shogirdlari bo‘lganlar. Ulardan ba’zilarini eslatib o‘tamiz:
1. Abu Nasr al-Iyoziy (Ahmad ibn Abbos). Bu zot Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniydan ta’lim olganlar. Shayx Abu Mansur ham fiqh darsida Abu Nasrga sherik bo‘lib, al-Juzjoniyda o‘qiganlar. Al-Iyoziy somoniylar davrida dorul-harbda asir holida turk diyorida shahid bo‘lganlar («Tarixi Samarqand»dan).
2. Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy. Ray shahrining qozisi bo‘lgan bu zot Abu Hanifaning shogirdi — Muhammad ibn Hasan al-Shayboniyda o‘qiganlar. Mashhur muhaddis sahobiy Vake’ va boshqalardan hadis rivoyat qilganlar. Imom Buxoriy ham undan hadis tinglaganlar. Hakim Termiziy ham u zotdan hadis rivoyat qilganlar. Vafotlari to‘g‘risida 248 h. va 242 h. yil kabi sanalar ko‘rsatilgan.
3. Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniy. Bobosining ismi Subh yoki Subayh ekanida muarrixlar ixtilof qilganlar. Bu zot fiqh ilmi usullari va furu’lari sohasida, shuningdek, anvoi fununda yuqori darajalarga erishganlar. «Al-Furuq vat-Tamyiz», «Tavba» va boshqa kitoblar muallifidirlar.
Abu Bakr al-Juzjoniy Abu Hanifaning yirik shogirdlaridan Muhammad ibn Hasan huzurida dars tinglagan Abu Sulaymon al-Juzjoniydan saboq olgan. Vafotlari 268 h. yilda.
4. Nasir ibn Yahyo al-Balxiy. Bu zot ham mazkur shayxlari kabi Abu Sulaymon al-Juzjoniy, Abu Mute’ al-Hakim Abdulloh al-Balxiy va Abu Muqotil Hafs as-Samarqandiydan saboq olgan hanafiy maktabiga mansub fiqh va kalom ulamolaridandir. Vafotlari 268 h. yilda voqe’ bo‘libdur.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:56:39
SHOGIRDLARI

Abu Mansur Moturidiy hazratlari aqida fanidagi sunniy - hanafiy yo‘nalishini davom ettirib, ko‘p izlanishlardan keyin moturidiya maktabiga asos soldilar. Shu asnoda ko‘plab shogirdlarini yetishtirib chiqarganlar. Quyida ulardan ba’zi mashhurlari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot beramiz:
1.  Abul-Qosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Zayd al-Qoziy — al-Hakim as-Samarqandiy (vafoti 335 yoki 342 h. y. Chokardiza qabristoniga dafn etilgan).
U Shayx Moturidiyning eng yirik shogirdlaridan biri bo‘lib, tasavvuf ilmini Balx mashoyixlaridan, fiqh va kalom ilmini Shayx Abu Mansur hazratlaridan olgan. Uzoq vaqt Samarqandda qozilik vazifasini o‘tagan.
Asarlaridan «Savodi a’zam», «Imon» risolasi mashhurdir.
2. Abul-Hasan Ali ibn Said ar-Rustufag‘niy as-Samarqandiy. Hanafiya fiqhi va usuli bo‘yicha shuhrat qozongan. U bilan ustozi Shayx Moturidiy o‘rtasida mujtahid xatosiga oid masalada ixtilof kechgan. «Irshodul-muhtadiy», «Az-zavoid val-favoid», «Al-as’ilatu val-ajviba», «Bayonus-Sunnati val-Jamoa» kabi asarlar muallifidir. Vafoti 350 h./ 961 m.y.
3. Abu Muhammad Abdul-Karim ibn Muso ibn Iso al-Pazdaviy. Nasafdan olti farsax uzoqlikdagi Pazda yoki Pazdava qishlog‘idan. Asosan, fiqh ilmida mashhur bo‘lgan. Uning zurriyotidan yirik moturidiya ulamolari dunyoga kelgan. Masalan, Abul-Yusr al-Pazdaviy (vafoti 493 h./1100 m.y.), Abul-Hasan al-Pazdaviy (vafoti 482 H./1089 m.y.) shular jumlasidandir. O’zi 390 h./999 m. yilda vafot etgan.
4. Abu Ahmad ibn Abi Nasr Ahmad ibn al-Abbos al-Iyoziy. Abu Mansur hazratlarining ustozlari Abu Nasr al-Iyoziyning o‘g‘li. Fiqh, nutq, iffat va taqvoda benazir bo‘lgani haqida naql qilinadi.
5. Abu Abdir-Rahmon ibn Abil-Lays al-Buxoriy. Kalom va fiqh ilmlarini Abu Mansur hazratlaridan olgan. U Abul-Qosim al-Hakim as-Samarqandiy bilan ko‘p vaqt birgaliqda tahsili ilmda bo‘lgan.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:57:17
MOTURIDIYA ULAMOLARI

1. Abul-Hasan Ali ibn Muhammad al-Pazdaviy. Abul-Yusr Muhammad al-Pazdaviyning akasi. Ikkisi ham Shayx Abu Mansurning yaqin shogirdlaridan sanalmish Abdul-Karim al-Pazdaviy avlodidan. Abul Hasan 483 H./1089 m. yilda vafot etgan.
2. Abul-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdil-Karim al-Pazdaviy. Al-Krziy as-Sadr degan unvon bilan tanilgan. 421 h. yilda tug‘ilgan. Imom Kindiy kabi faylasuflarning falsafasini va mo‘‘taziliylar yozgan kitoblarni hatto uyda saqlash ham zararli deb bilar edi. Zero, ularni mutolaa qilib ko‘rib, shunday xulosa hosil qilgandi. Hatto, Abul-Hasan Ash’ariy kitoblarini ham xatolarini ajrata olmaydigan kishilar o‘qishi durust emas deb bilar edi. Usul va furu’ bobida ko‘p kitoblar tasnif etgan. Samarqandda qozilik qilgan va hadis ilmidan dars ham bergan. «Usul ad-din», «Al-Murattib», «Al-Voqeot», «Al-Mabsut» kabi asarlari bor.
Shogirdlari Najmiddin Umar ibn Muhammad an-Nasafiy, Usmon ibn Ali al-Poykandiy, Ahmad ibn Nasr al-Buxoriy, o‘z o‘g‘li Qoziy Abul-Maoliy Ahmad va boshqalar. 493 h. yilda vafot etgan.
3. Abul-Mu’in Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Makhul Abil-Fazl an-Nasafiy. 438 h. da tug‘ilib, 508 h. yilda vafot etgan. Ustozlari noma’lum. Shogirdlari - Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy, Mahmud ibn Ahmad as-Sog‘arjiy, Abdur-Rashid ibn Abi Hanifa al-Valvolijiy. Imom G’azzoliy bilan Boqilloniy ash’ariya aqidasining eng mashhur tashviqotchilari sanalganidek, Abu Mu’in an-Nasafiy moturidiya aqidasining eng yirik namoyandalaridandir. Kitoblaridan «Tabsiratul-adilla», «Bahrul-kalom», «Tamhid», «Manohijul-aimma» va boshqalarni misol keltirish mumkin.
4. Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Najmiddin an-Nasafiy. Nasafda 461 h. yilda tug‘ilib, 537 h.y.da vafot etgan. U 550 nafar yirik ustozlardan dars tinglagan. Ulardan Abul-Yusr Pazdaviy, Abdulloh ibn Ali ibn Iso an-Nasafiy, Abu Muhammad Hasan ibn Hasan as-Samarqandiy, Ali ibn Hasan al-Moturidiylarni misol keltirish mumkin. Ustoz va shayxlari to‘g‘risida alohida bir kitob ham ta’lif etgan.
Shogirdlaridan — o‘z o‘g‘li Abul-Lays Ahmad ibn Umar, Muhammad ibn Ibrohim To‘rpushtiy, Umar ibn Muhammad ibn Umar Aqiliy va boshqalarni zikr etish mumkin.
U yuzga yaqin asarlar yozgan. «At-taysir fi tafsiril Qur’on», «Sharhi Sahihi Buxoriy», «Al-akmal al-atval fit-tafsir», «Kitobul-qand fiy ulamoi Samarqand», «Tarixi Buxoro», «Al-aqoid an-nasafiya» risolasi kichik hajmda bo‘lishiga qaramay, hozirgi kungacha aqida fanida eng mashhur qo‘llanma vazifasini bajarib kelayotir.
5. Abul-barakot Hofizuddin Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy. Nasaf shahrida tug‘ilib, 701 h. yilda vafot etgan. Mashhur asarlari — «Madorikut-tanzil» tafsiri, fiqhga doir «Kanzud-daqoiq» kitobi, «Al-Vofiy» va «Al-Kofiy» va boshqalar.
6. Ahmad ibn Abi Bakr Nuriddin as-Sobuniy al-Buxoriy 580 h. yilda vafot etgan va Buxorodagi «Yetti qozi» qabristoniga dafn etilgan. Muhammad ibn Abdis-Sattor al-Kardariy uning shogirdidir. Kitoblaridan «Al-Hidoya fi ilmil-kalom» va uning sharhi diqqatga sazovordir.
7. Muhammad ibn Abdil-Vohid ibn Abdil-Hamid ibn Mas’ud ibn Hamididdin ibn Sa’ididdin (al-Kamol ibn at-Humom) as-Sivosiy al-Iskandariy al-Qohiriy al-Hanafiy. 788 yoki 780 h. yilda tug‘ilib, 861 h. yili Qohirada vafot etgan, islomiy fanlarning aksariyatida imtiyoz hosil qilgan. «Al-Hidoya» kitobini Sirojiddin Umar ibn Ali (Qoril-Hidoya) da o‘qigan. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniydan hadis tinglagan. Aqlu zakovatda ustozlarini ham lol qoldirgan.
Asarlari ko‘p. «Al-Hidoya»ga yozgan «Fathal-Qadir» nomli sharhi yirik to‘qqiz jilddan iborat bo‘lib, u Kamol ibn Humomning shoh asari hisoblanadi. «Al-Musoyara» kitobi moturidiya aqidasiga doir bo‘lib, eng muhim manbalardandir.
8. Mullo Ali (Qoriy) ibn Sulton — Muhammad al-Hiraviy al-Makkiy (Abul-Hasan, Nuriddin). 1014 h. yilda Makka shahrida vafot etgan va «Jannatul-Muallo» qabristoniga dafn etilgan.
Asarlari juda ko‘p. Mashhurlari - «Mishkot» sharhi - «Mirqot», «Muxtasarul-Viqoya» sharhi, «Fiqhi akbar» sharhi, «Omoliya» sharhi, «Shotibiya» sharhi, «Mavzu hadislar» va hokazo.
Husnixat sohibi bo‘lganidan Ali Qoriy har yili bir nusxa Qur’oni karim ko‘chirib, sotib, yil davomida shu daromad bilan kun kechirgan.
9. Ali ibn Usmon ibn Muhammad ibn Sulaymon Abu Muhammad Sirojuddin al-O’shiy al-Farg‘oniy.
Ko‘plab asarlar muallifi. Moturidiya aqidasini nazmiy uslubda yozib, uni «Bad’ul-amoliy» deb nomlagan. Vafoti 569 h./1173 m. yilda.
10. Abush-Shakur as-Solimiy (Muhammad ibn Abdulloh as-Sa’id ibn Shu’ayb al-Keshiy).
As-Solimiynint moturidiya aqidasiga oid «At-Tamhid» nomli kitobi ulamolar o‘rtasida mashhur bo‘lib, yozma va bosma nusxalari bizgacha yetib kelgandir.
Moturidiya aqidasiga asoslanib ijod qilgan va bebaho asarlar qoldirgan ulamolar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Lekin bu muxtasar risolamizda uning o‘rniga aqidamizga oid boshqa muhimroq ma’lumotlarni taqdim etishni ma’qul topdik.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:57:27
ABU MANSUR AL-MOTURIDIYNING ASARLARI

1. «Ta’vilotu ahlis-Sunna» yoki «Ta’vilotul-Qur’on». Sakkiz mujalladdan iborat bu asar Qur’oni karimning tafsiri bo‘lib, unda asosan, islomiy aqidaga nisbatan turli qarashlar bayon etilib, moturidiya aqidasi asosida ularga baho berilgan. Tafsirni al-Moturidiyning shoh asari deb atash mumkin. Uning qo‘lyozma nusxalari Misr, Makka, Damashq, Hindiston, Turkiya va Toshkent kutubxonalarida saqlanmoqda. Toshkent nusxalari taqriban 700 yil burun ko‘chirilgan. Asarning birinchi jildi Misrda nashr etilgan.
Tafsirga Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy sharh yozgan. Bu sharh qo‘lyozmasi hanuz chop etilmagan.
2. «Kitobut-tavhid». Kalom ilmiga oid eng muhim asar. Moturidiya aqidasiga oid barcha asarlarning eng birinchi va asosiy manbasi sanaladi. Asar hozirda o‘zbek tiliga o‘girilmoqda.
3. «Sharhul-fiqhil akbar». Abu Hanifa an-No‘‘mon (Imom A’zam) qalamiga mansub aqida bobida bitilgan ilk asar «Al-Fiqhul-akbar»ning sharhi. Ba’zi olimlar bu sharh Shayx Moturidiyga tegishli emas, balki u Abul-Lays as-Samarqandiyga mansub deydilar.
4. «Risola fil-aqida». 1953 yilda Anqarada chop etilgan.
5. «Risola fil-imon».
6. «Al-maqolot».
7. «Bayonu vahmil-mo‘‘tazila».
8. «Raddu tahzibil-jadal».
9. «Raddu vaidil-fussoq».
10. «Raddu avoilil-adilla».
11. «Raddul-usulul-xamsa».
12. «Arraddu alal-qaromita».
13. «Raddul-imoma».
14 «Ma’xazush-shari’a».
15. «Kitobul-jadal».
Mazkur kitoblarning oxirgi ikkitasi fiqhga doir, qolganlari aqidaviy masalalarga bag‘ishlangan.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:57:41
MOTURIDIYA NAZARIYASINING O’RTAHOLLIGI

Avvalo, shuni qayd etib o‘tish lozimki, moturidiya aqoidini faqat Abu Mansur Moturidiyning o‘zi ixtiro qilgan emas. Balki aqoidning asoslari, arkonlari va bandlari ungacha ham ma’lum darajada shakllangan edi. Aqida ilmi tobe’inlar davridan boshlab, ya’ni hijratning ikkinchi asrida mustaqil fan sifatida zohir bo‘la boshlagan. Mashhur tobe’inlardan Hasan Basriy (21-110 h.) aqida masalalari bo‘yicha dars aytgani, mo‘‘tazila oqimining boshlanishi ham o‘sha paytda ro‘y bergani tarixiy manbalardan ma’lum. Abu Hanifa (Imom A’zam) yashagan davrda esa islom niqobi ostida turli oqim va firqalarning yuzlab turlari yuzaga kelgandi. Ular bilan kurashish uchun esa aqida mustahkam bo‘lishi zarur edi. Bunday dolzarb masalaga Abu Hanifa befarq qarab tura olmaganlar, balki aqida faniga oid birinchi asar - «Fiqhi akbar», Usmon al-Battiy (al-Bustiy)ga yozgan raddiyasi, beshta vasiyatnomasini yozib qoldirganlar. Demak, mazhabimiz asoschisi Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit (rahmatullohi alayh) nafaqat fuqaholar peshvosi, balki aqida va ilmi kalomga ham asos solgan buyuk siymolardan bo‘lganlar.
Shayx Abu Mansur hazratlari diniy ta’limni hanafiya ulamolarining ko‘zga ko‘ringan mashhur namoyandalaridan olganlari va diniy fanlar bo‘yicha qanchalik chuqur bilimga ega ekanliklariga yozib qoldirgan asarlari guvohlik beradi.
Shayx yashagan davrda aqida ulamolari ikki asosiy manbaga suyanganlar. Birinchisi — oyat va hadislar hamda sahoba va tobe’inlarning ijmo va ijtihodlari, ya’ni naqliy dalillar. Ikkinchisi — aqliy dalillar. Shayx Abu Mansur esa boshqalarga taqlid qilmadilar, balki naqliy dalillar bilan aqliy dalillarni uyg‘unlashtirib, undan so‘ng xulosa chiqardilar. Aqliy dalil deganda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar ko‘zda tutiladi. Vaholanki, salaf ulamolarining ko‘pchiligi bu dalillarni tan olmas edilar, balki naqliy dalillarning o‘zi bilan kifoyalanardilar. Shayximiz esa, bu ikkisidan ham munosib ravishda istifoda etib, o‘rtahollikni ixtiyor qilgan ekanlar. Darhaqiqat, naqliy dalillarni yaxshi anglash uchun aqliy dalillarni ham puxta bilish shartligini hech kim inkor eta olmaydi. Aql imkoniyatining ham chegarasi borligini e’tiborga olib, Shayx ko‘p joylarda inson aqli juda ko‘p haqiqatlarni idrok etishga qodir emasligini uqdirib o‘tadilar. Shu bilan birga, aqlning Alloh tomonidan ato etilgan eng buyuk mislsiz ne’mat ekani, undan oqilona foydalanish zarurligini ham ta’kidlab o‘tadilar.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:57:57
ISLOM UMMATINING OQIMLARGA BO’LINIB KETISHI

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ogohlantirib aytganlarki: «Yahudiylar 71 firqaga, nasroniylar 72 firqaga bo‘linib ketgan edilar. Mening ummatim 73 firqaga bo‘lingaylar. Ulardan bittasigina najot topib omon qolur, qolganlari esa do‘zax ahlidirlar» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari).
Rasululloh (s.a.v.)ning bu mo‘‘jizaviy bashoratlari vafotlaridan keyin o‘z tasdig‘ini topdi. U firqalardan qadariya, murjia va xavorijlarni o‘z hadisi shariflarida nomma-nom keltirib, ulardan hazarda bo‘lishni vasiyat ham qilganlar.
Xulafoi roshidinlar zamonidan to Imom Moturidiy zamonasigacha, asosan, quyidagi firqa yoki oqimlar paydo bo‘lib, ummati muhammadiya o‘rtasiga tafriqa solish va ruhiy hayotlarini fitna va fasod bilan to‘ldirishga harakat qilgan edilar.
Ular — qadariya, murjia, xavorij, shia, mo‘‘tazila, ravofiz (rofiziylar), sabaiya, ziroriya, jahmiya, botiniya, qaromita, xurramiya, karromiya (mujassima), jorudiya, sulaymoniya (jaririya), butriya, bayoniya, mug‘iriya, janohiya, mansuriya, xattobiya, hululiya, azoriqa, najadot, sufriya, ajorida, xozimiya, shahbiya, ma’lumiya, majhuliya, ma’badiya, rashidiya, mukarramiya, hamziya, ibrohimiya, voqifa, hafsiya, horisiya, yazidiya, maymuniya, mo‘‘tazila firqalaridan — vasiliya, amriya, huzaliya, nazzomiya, murdoriya, ma’mariya, samomiya, johiziya, xobitiya, himoriya, xatotiya, shaxlamiya, ashobi Solih qubba, marisiya, ka’biya, jubboiya, bahshamiya, murjia firqalaridan — Abu Shimr, Muhammad ibn Shabib va Xolidiy firqalari, yana murjiaga — yunusiya, g‘assoniya, savboniya, sumaniya, marisiya, najjoriyalardan — burg‘usiya, za’faroniya, mustadrika, karromiylardan — haqoiqiya, taroiqiya, ishoqiya.
Demak, zikr etilganlardan 20 firqa rofiziylar, 20 firqa xavorijlar, 20 firqa qadariy va murjialar, 12 firqa qolgan najjoriya, bakriya, ziroriya, jahmiya, karromiya kabi oqimlarga taqsimlab chiqilsa, umumiy soni hadisi sharifda aytilgan 72 ta adashgan firqalarning adadiga to‘g‘ri kelib qoladi.
73-firqa esa, Ahli Sunna val-Jamoa deya ataluvchi mazkur hadisi sharifda qayd etilgan nojiya (najot topuvchi) firqadirkim, Abu Hanifa (Imom A’zam), Imom Molik, Imom Shofe’iy, Imom Ahmad, Avzoiy, Savriy kabi buyuk mujtahid allomalar va ularning izdosh va maslakdoshlari unga mansubdirlar. Kengroq qilib aytadigan bo‘lsak, bu saodatmand jamoaga Janob Rasuli akram (s.a.v.) dan tortib, sahobai kiromlar, tobe’inlar, tabaa tobe’inlar, fiqhiy mazhablarning asoschilari kabi mujtahidlar, muhaddislar, arab tili nahvi va adabiyoti namoyandalari, qiroat va tajvid roviylari, tasavvuf shayxlari, ahli tariqatlar, shuhadoyu, solihu zohid bandalar hamda turli buzuq oqimlarga ergashib, og‘ib ketmagan musulmonlar kirurlar.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 04:58:39
MOTURIDIYA AQIDASINING XUSUSIYATLARI

Yuqorida zikr etganimizdek, moturidiya aqidasiga doir masalalarni shayx Moturidiyning yakka o‘zlari tuzib, tartibga solgan emaslar, balki ul zotga qadar ham Ahli Sunna val-Jamoa aqidasi shakllanib ulgurgan edi. Moturidiy hazratlarining xizmatlari shundan iborat bo‘lganki, o‘sha davrdagi aqidaviy oqimlarning ta’sirini qirqish, ularning iddaolariga raddiya berish, kuchli va asosli dalillar bilan haqiqiy islom aqidasini himoya qilish, ilmi kalom, mantiq va munozara qoidalariga rioya qilgan holda xasmlar jaholatiga ilmu ma’rifat bilan javob qaytarib, chin ixlosli musulmonlar uchun aqidaga doir muhim qo‘llanmalar tayyorlab berishni niyat qilgan edilar.
Ma’lumki, Ahli Sunna val-Jamoa aqidasi o‘sha davrda uchta buyuk shaxs tomonidan himoya qilingan va asosiy ruknlari ishlab chiqilib, shogirdlari va kitoblari orqali musulmonlarga taqdim etilgan edi. Ulardan birinchisi — Abul Hasan Ash’ariy (260— 331 h.) Bag‘dodda, ikkinchisi — Abu Ja’far Tahoviy Misrda va Abu Mansur Moturidiy Movarounnahrda sunniy aqidaning himoyachilari sifatida islom tarixida chuqur iz qoldirdilar.
Biz — moturidiylar uchun yaxshi bilib, doimo nazarda tutib yurish zarur bo‘lgan bir necha muhim masalalar bor. Ular quyidagilardan iborat:
1. Moturidiya aqidasi bilan Ash’ariya aqidasi o‘rtasida bir necha masalalarda qarama-qarshiliklar bor. Ularni ba’zi olimlar 15 ta, boshqalari 40 ta, hatto, 50 tagacha sanab yetkazganlar. Ulardan asosiylari — Allohning sifatlarini zotiy va fe’liy sifatlarga bo‘lish, sifatlari ayni zotmi yoki g‘ayri zotligi, Muso (a.s.) Allohning kalomini bevosita eshitganmi yoki bilvositami, iroda bilan rizo birmi yoki tafovutlimi, Allohni ko‘rish joizligiga Ash’ariy aqliy dalil keltirgan, Moturidiy naqliy, qabih ishning sodir etilishi bandadanmi yoki u ham Allohdanmi — bunga Moturidiy husnu qubh hammasi Allohdan, faqat behikmat emas, deydilar. Inson o‘z toqatidan tashqari ishga taklif etilishi mumkin, deb Ash’ariy, mumkin emas, deb Moturidiy aytadilar. Shuningdek, Allohni aql bilan tanish vojibmi yoki naql bilanmi degan masalada Moturidiy aql bilan deganlar. Imon bilan islom bir narsa ekani, baxtli va baxtsiz insonlar oxir-oqibatda o‘zgarib-almashib qolishlari mumkinligi, qilinadigan yaxshi va yomon amallar bandaning kasbi va Allohning yaratishi bilan hosil bo‘lishi, muqallidning imoni maqbul ekani, imonning o‘zi emas, balki uning nuri, quvvati ortib yoki kamayib turishi, imonning ruknlari ikkita, ya’ni iqror va tasdiqdan iborat ekani, amallar imon tarkibiga kirmasligi, balki savoblar va gunohlar alohida hisobga olinishi kabi masalalarda Imom Ash’ariy bizning moturidiya aqidamizning xilofini taqrir etganlar.
2. Moturidiyaning mo‘‘tazila aqidasidan farqlari.
Avvalo, bilmoq kerakkim, diniy fanlar qatoriga kalom ilmining kirishiga asosiy sabab shu mo‘‘tazila toifasining aqliy munozaralari va qarshiliklari bo‘lgan. Ular ash’ariya yoki moturidiya kabi aqlni naqliy dalillardan keyinga emas, balki birinchi o‘ringa qo‘yganlar. Aql va fikrni asosiy manba qilib olib, unga to‘g‘ri kelmasa, hatto, oyat va hadislarni inobatga olmay, balki nususni aqlga bo‘ysundirmoqchi bo‘lganlar. Shuning uchun ham Shayx Moturidiy hazratlari boshqa oqimlarga qaraganda ko‘proq mo‘‘tazila firqasining fikrlariga qarshi raddiyalar bilan chiqqanlar. Ularning aqliy va fikriy dalillarini rad qilish uchun buyuk hamyurtimiz kalom ilmi bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelgan va u zot shu uslub bilan Ahli Sunna aqidasini himoya qilishga muyassar bo‘lganlar.
Mo‘‘tazila firqalarining moturidiya aqidasiga zid qarashlari, asosan, quyidagi nuqtalarda o‘z aksini topadi. Ular aytadilar:
1. Allohning ismi va sifatlari azaliy emas, ular hech qanday ma’no va mazmunga ega emas. Allohning ismi bilan sifatlari bir narsa.
2. Allohni bu dunyoda ham, oxiratda ham ko‘rish mumkin emas.
3. Qur’on — mahluq. U azaliy emas.
4. Bandaning foydasini ko‘zlab ish qilish Allohning zimmasiga vojib.
5. Bandaning qudrati va toqati Allohga bog‘liq emas. Fe’llarni bandaning o‘zi yaratadi.
6. Qatl etilgan kishi ajalidan oldin o‘lgan bo‘lur.
7. Halol — rizq, lekin harom — rizq emas.
8. Allohning irodasi hodisdir, qadim emas.
9. Alloh faqat yaxshilikni iroda qilur. Yomonlik uning irodasidan tashqaridir.
10. Amallar imonning tarkibiga kirur. Balki amal imonning asosiy ruknidir.
11. Imon ozayib, ko‘payib turuvchi narsadir.
12. Gunohi kabira qilgan musulmon imon bilan kufr o‘rtasida qolur.
13. Kabira egalari do‘zaxda abadiy qolurlar.
14. Shafoat faqat yaxshi odamlarga nisbatan qilinur. Gunohlarni hech kim shafoat etmas.
15. Jannat bilan do‘zax hanuz yaratilmagan.
16. Qabrdagi azob yoki rohat, qiyomat tarozusi, Pulsirot, Havzi Kavsar kabilarning hammasi yo‘q narsa.
17. Avliyolarda hech qanday karomat bo‘lmaydi.
18. Muqallid (boshqalarga taqlidan musulmonman deb yuruvchi odam) ning imoni qabul qilinmaydi.
Zikr etilgan nuqtalardan ko‘rinib turibdiki, mo‘‘tazila firqasi bizning moturidiya aqidamizga xilof ravishda alohida nazariyaga asos solganlar. Nozik va qaltis joyi shu yerdaki, mazkur 18 bandda aytib o‘tilgan narsalarda ancha-muncha aqlli, ziyolilar, hatto, ulamolar ham chalg‘ib ketishlari hech gap emas. Shuning uchun ham o‘zimizning sunniy, hanafiy, moturidiy aqidamizga oid kitoblarni ko‘p mutolaa qilish va dilga jo etish eng zarur ishlardandir.
3. Sunniy-hanafiy musulmonlar yana shuni yaxshi bilib olishlari kerakki, hanafiy mazhabimizga hasad qilganlaridek, moturidiya aqidamizga ham hasad ko‘zi bilan qarash, uning sha’niga tuhmat-bo‘hton yog‘dirish jarayoni hali hanuz to‘xtagan emas. Aqida faniga oid yozib kelinayotgan asarlarni mutolaa qilib ko‘rsangiz, buning guvohi bo‘lasiz. Ayniqsa, arab dunyosida nashr qilinayotgan asarlarning deyarli 90 foizida moturidiya aqidasini buzib ko‘rsatishlar, hatto, uni Ahli Sunna jamoatiga qo‘shmagan holda zikr qilishlar, ash’ariya aqidasini esa, mutlaqo kamchiliklarini ko‘rsatmaslik, balki uni yagona to‘g‘ri aqida deb talqin qilishlar uchrab turibdi. Bunga misol qilib Riyozlik arab yozuvchisi Ahmad ibn Avazulloh ibn Doxil al-Luhaybiyning «Al-Moturidiya dirosatan va taqviman» nomli kitobi, Doktor Mahmud Qosimning «Muqaddimat Ibnir-Rushd» kitobi, Vahiduddinxon, Abdulhalim Qunbus, Fathiy Yakan, Abduljabbor («Al-Mug‘niy» muallifi) kabi yozuvchilarning asarlari, «Sharhul-usulil-xamsa» kitobi va boshqalarni keltirish mumkin.
Lekin o‘zlari arab yoki g‘arb yozuvchilari bo‘la turib, moturidiya haqida insof bilan haqiqatni yozgan olimlar ham mavjudligi kishini quvontiradi. Bunga Shayx Moturidiy va uning ilmi kalomga oid fikrlari to‘g‘risida kattagina bir kitob yozgan arab olimi Doktor Ali Abdulfattoh al-Mag‘ribiyni, Abu Mansur qalamiga mansub «at-Tavhid» kitobini tahqiq etib, nashrga tayyorlagan olim Doktor Fathulloh Xulayf va nemis olimi Ulrix Rudolfni misol qilib keltirsa bo‘ladi. Ular shayx Abu Mansur Moturidiy va uning merosini xolisona baholaganlar.

* * *

Tolibi ilmlarga tavsiya etamizki, ushbu majmuadan joy olgan beshta risolani puxta o‘zlashtirib, diniy hayotlarida ulardan foydalansinlar, toki e’tiqodlari mustahkam bo‘lib, turli yot oqimlar ta’siridan xoli bo‘lgaylar. Tavfiqni esa, O’zidan so‘raymiz.

Shayx Abdulaziz MANSUR,
O’zbekiston musulmonlari idorasi
raisi noibi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:01:36
:bs1:

«FIQHI AKBAR» KITOBI

Muallifi — Islomda e’tirof etilgan to‘rtta fiqhiy mazhablarning birinchisi, ya’ni hanafiy mazhabining asoschisi, Abu Hanifa — No‘‘mon ibn Sobit (Imomi A’zam). 80 hijriy/699 milodiy yilda Iroqning Ko‘fa shahrida tug‘ilib, 150 hijriy/767 milodiy yilda Bag‘dodda vafot etganlar. Mazhabimiz Imomi to‘g‘risida ziyoda ta’rifga hojat yo‘qdir. Zero, ul zotning fazlu fazoillari barchaga oydek ravshandir.


«FIQHI AKBAR»

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

Tavhid ilmining asli va to‘g‘ri deb e'tiqod qilishga sazovor ma'lumotlar quyidagilardan iborat:

Har bir musulmon kishi dili bilan tasdiq etgan holda tili bilan ushbularni aytishi vojibdir:

Allohga, Uning farishtalariga, ilohiy kitoblariga, yuborgan payg‘ambarlariga, o‘lgandan keyin qiyomatda tirilishiga, O'zi belgilagan yaxshi-yomon taqdirga haq va rost, deb imon keltirdim. Oxiratdagi hisob-kitob, amallar tarozisi, jannat, do‘zax barchasi haqdir.

Alloh taolo birdir, lekin sanoq son jihatidan emas, balki unga hech qanday sherik yo‘qligi jihatidandir. Chunonchi, «Ixlos» surasida O'zi demishkim: «(Ey, Muhammad), ayting: «U Alloh yagonadir. Alloh behojat, (lekin) hojatbarordir. U tug‘magan va tug‘ilmagan ham. Shuningdek, Uning hech bir tengi yo‘qdir».

U o‘zi yaratgan narsalardan birortasiga o‘xshamas. Unga ham biror narsa o‘xshash emas. O'zining zotiy va fe'liy sifatlari bilan azaldan bor bo‘lgan va abadiy bor bo‘lur. Zotiy sifatlari - hayot, qudrat, ilm, kalom, eshitish, ko‘rish, iroda. Fe'liy sifatlari - xalq etish, yasash va boshqa shu mazmunga dalolat qiluvchi sifatlar. U o‘zining barcha ism va sifatlari bilan birgalikda doim bo‘lgan va abadiy bo‘lajak. Unga biror ism yoki sifat keyin qo‘shilib qolgan emas.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:02:26
Shuningdek, U O'z ilmi bilan olimligicha hamon kelmoqdakim, ilm Uning azaliy sifatidir. Qudrati bilan qodirligicha hamon kelmoqdakim, qudrat Uning azaliy sifatidir. Kalomi bilan gapiruvchi holida kelmoqdakim, kalom Uning azaliy sifatidir. Xalq etishi bilan xoliqligicha hamon kelmoqdakim, xalq etish Uning azaliy sifatidir. Ish qilish (fe'l) bilan ish qiluvchi (foil) holida hamon kelmoqdakim, fe'l Uning azaliy sifatidir. Demak, fe'l egasi - Alloh, fe'l Uning azaliy sifatidir, fe'lning mahsuli - yaratilgan (maxluq), Uning fe'li esa yaratiluvchi emas. Shuningdek, uning barcha sifatlari azaldan paydo qilingan ham, yaratilgan ham emas. Kimki, ularni yaratilgan yoki paydo qilingan desa yoki (so‘ralganda) jim turib qolsa yoxud u to‘g‘rida shak qilsa, u Allohga kofir bo‘lur.

Qur'on - Allohning kalomi. U mushaflarda bitilgan, qalblarda yodlangan, tillarda o‘qilgan, Muhammad alayhissalomga nozil qilingan. Qur'on bilan qilgan talaffuzimiz, uni yozgan bitigimiz, uni qilgan qiroatimiz maxluq (yaratilgan) dir, lekin Qur'on maxluq emasdir.

Qur'ondagi Alloh taoloning Muso va boshqa payg‘ambarlar (alayhimussalom), Fir'avn va Iblis to‘g‘risida zikr etgan qissalarining barchasi Allohning kalomidir. Allohning kalomi g‘ayri maxluq. Muso va boshqa yaralganlarning kalomi maxluqdir. Qur'on esa ularning emas, balki Allohning kalomidir.

Allohning O'zi Qur'onda xabar berganidek, Muso alayhissalom Allohning kalomini eshitgan. Musoga gapirmay turib ham Alloh taolo mutakkalim (gapiruvchi) edi. Barcha mavjudotni yaratmay turib ham U xoliq (yaratuvchi) edi. Uning mislidek narsa yo‘qdir va U eshituvchi, ko‘ruvchidir.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:02:49
Alloh taolo Muso (a.s.)ga so‘zlagan paytda azaldan o‘z sifati bo‘lib kelgan kalomi bilan so‘zlagan. Uning barcha sifatlari maxluqotlarning sifatlaridan tubdan farq qiladi, ya'ni U biladi, lekin biz bilgandek emas. Qudrati bizning qudratimizdek emas. Ko‘radi, lekin biz ko‘rgandek emas. Eshitadi, lekin biz eshitgandek emas. Gapiradi, lekin biz gapirgandek emas. Biz til, og‘iz, lab kabi vositalar va harflar bilan gapiramiz. Alloh taolo vositasiz, harflarsiz gapiradi. Harflar maxluq, Allohning kalomi esa, g‘ayri maxluq.

Allohni narsa deb atash mumkin. Lekin o‘zga narsalardek tasavvur qilmaslik sharti bilan. Uni narsa deganda jismsiz, moddasiz, moddaning sifatlarisiz, chegarasiz, akssiz, tengsiz, mislsiz deb bilmoq kerak bo‘ladi.

Qur'onda O'zi zikr etganidek, Allohning qo‘li, yuzi, nafsi (O'zi) bor deb bilamiz. Bular Uning sifatlaridan, lekin qanday, qanaqa deyilmas. Hatto, qo‘li-qudrati yoki ne'mati ham deb ta'vil etilmas. Aks holda uning bir sifatini yo‘qqa chiqarilgan bo‘lur. Bu esa qadariylar va mo‘‘taziliylar so‘zidir. Biz aytamizki, qo‘li o‘ziga xos, kayfiyatsiz sifatdir. Shuningdek, Uning g‘azabi va rizosi ham o‘ziga xos kayfiyatsiz sifatlaridandir.

Alloh taolo borliqni yaratganda uni biror narsadan olib yaratgan emas. Alloh barcha narsalarni yaratmasdan oldin ham azaldan bilur edi. Barcha narsalarning taqdir va qazosini Uning o‘zi belgilagan. Bu dunyo va oxiratdagi har bir narsa faqat uning xohishi, ilmi, qazosi, qadari, Lavhul-mahfuzga yozib qo‘yilishi bilan bo‘lur. Lekin yozib qo‘yishi tavsif yo‘li bilandir, hukm yo‘li bilan emas, ya'ni majburiy emas. Qazo, qadar va xohish - Allohning azaliy sifatlari. Faqat ularning mohiyat va kayfiyati bandasiga ma'lum emas.

Yaratilmagan narsani Alloh taolo yaratmay turib yo‘q deb bilgani kabi, uni yaratgandan keyin qanday holatda bo‘lishini ham bilur. Shuningdek, mavjud narsani Alloh taolo mavjudligidagi holatni qanday bilsa, uning yo‘q bo‘lib ketish holatlarini ham shunday bilur. Yana Alloh taolo tik turgan kishini tikkalik holatini qanday bilsa, u o‘tirgach, o‘tirgan holatini ham shunday bilib turur. Lekin bu bilan Uning ilmi o‘zgarib qolmaydi yoki yangi ilm paydo bo‘lib qolmaydi. O'zgarish va turlanish maxluqot va mavjudotlarda sodir bo‘lur.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:03:35
Alloh taolo insonlarni yaratganda kufr va imondan xoli qilib yaratgan. So‘ngra ularni xitob qilib, ba'zi narsalarga buyurgan, ba'zi narsalardan qaytargan. Shulardan keyin kimki kufrni tanlagan bo‘lsa, demak, u o‘z ixtiyori bilan haqiqatni inkor etgach, Alloh toloning tavfiqidan mahrum holda kufrni tanlagan bo‘lur. Shuningdek, kimki imonni tanlagan bo‘lsa, u ham o‘z ixtiyori, iqtidori, tasdig‘i va Allohning tavfiqi hamda yordami bilan imon keltirgan bo‘lur.

Odam (a.s.)ning pushti kamarlaridan qiyomatgacha dunyoga keladigan zurriyotlarni mayda zarrachalar shaklida chiqarib, ularga aql ato etdi va ularga xitob qilib, o‘z toatiga buyurdi, ma'siyatidan qaytardi. Ular Allohni Rabbimiz deb iqror etdilar. Bu ularning imoni deb sanaldi. Bas, har bir tug‘ilgan inson avlodi shu fitrat (tabiat) bilan dunyoga kelur. Shundan keyin kimki kufrga ketgan bo‘lsa, demak, u mazkur imonni o‘zgartirgan bo‘lur. Har kim imon keltirib, tasdiq etgan bo‘lsa, demak, u barqaror qolibdur va davom etibdur. Alloh taolo hech kimni kufrga ham, imonga ham majbur etmagay. Shuningdek, hech kimni mo‘‘min yoki kofir qilib yaratmagay. Balki insonlarning har birini mustaqil shaxs sifatida yaratgan. Imon bilan kufr bandalarning ishidir. Alloh taolo kufrga ketgan kishini o‘sha paytning o‘zida kofir deb biladi. Kachonki, u shundan keyin yana imon keltirsa, o‘sha paytning o‘zida uni mo‘‘min deb biladi va do‘st tutadi. Lekin uning ilmi ham, sifati ham o‘zgarmagan bo‘lur.

Bandalarning harakat va sukunatlaridan tortib barcha fe'llari haqiqatan ularning kasb va faoliyatlari hisoblanadi, lekin ularni Alloh yaratadi. Ularning hammasi Allohning xohishi, ilmi, qazosi va qadari bilan yuzaga keladi. Toat va savobli ishlar Allohning amri, muhabbati, rizosi, ilmi, xohishi, qazosi va taqdiri bilan amalga oshirilur. Toatsizlik va gunoh ishlar esa, Allohning ilmi, qazosi, taqdiri va xohishi bilan amalga oshirilsa-da, Uning muhabbati, rizosi va amri bilan emasdir.

Payg‘ambarlarning barchalari kichik va katta gunohlardan, kufr va qabih ishlardan pokdir. Magar ulardan ba'zi sahvu xatoliklar sodir bo‘lgani rost. Muhammad (s.a.v.) Allohning habibi, bandasi, rasuli, nabiysi, safiy va naqiysidirkim, zinhor sanamlarga sig‘inmaganlar, bir lahza ham Allohga shirk keltirmaganlar va aslo kichik va katta gunohga qo‘l urmaganlar.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:03:55
Payg‘ambarlardan keyin odamlarning eng afzali - Abu Bakr Siddiq, so‘ngra Umar ibn al-Xattob, so‘ngra Usmon ibn Affon, so‘ngra Ali ibn Abi Tolib (r.a.)dirlar. Ular haq uzra yashab, haq bilan birga o‘tganlar. Ularning hammasini do‘st tutamiz. Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalaridan hech biriga yomonlikni nisbat bermaymiz, balki yaxshilik bilan yod eturmiz.

Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo‘lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo‘lsa, undan imon ismini olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo‘‘min deb atayveramiz, uni fosiq mo‘‘min deb atash mumkin, faqat kofir emas.

Poyafzalga mash tortish - sunnat.

Ramazon oyi kechalarida o‘qiladigan taroveh namozi - sunnat.

Har qanday solih va fojir mo‘minga iqtido qilib namoz o‘qish joiz.

Mo‘‘min kishining kilgan gunohlari unga zarar qilmaydi demaymiz. Yana uni do‘zaxga kiritmaydi ham demaymiz. Lekin u yerda abadiy qoldiradi ham demaymiz, hatto, u fosiq bo‘lgan taqdirda ham. Ammo dunyodan imonli ketgan bo‘lishi shart.

Barcha savobli ishlarimiz qabul qilinur yoki gunohlarimiz kechirilur ham demaymiz. Lekin aytamizki, har kim qaysi bir savobli ishni barcha shart-sharoiti bilan uni buzib qo‘yadigan ayblardan xoli holda ado etgan bo‘lsa hamda dunyodan shu tarzda o‘tgan bo‘lsa, albatta, Alloh taolo uning ezgu ishini zoe ketkazmaydi. Balki uni qabul etadi va shunga yarasha savob yozadi.

Shirk va kufrdan boshqa gunohlarni qilgan va tavba qilmay turib dunyodan mo‘‘min holda o‘tgan kishining ishi Allohning xohishiga havola - xohlasa jazo beradi, xohlasa afv etib, aslo do‘zax azobiga duchor etmaydi.

Riyokorlik va manmanlik bilan qilingan har bir xayrli ishning savobi bekor qilinur.

Payg‘ambarlarga berilgan mo‘‘jizalar va avliyolarga ato etilgan karomatlar haq va rostdir. Ammo axborlarda rivoyat etilgan Iblis, Fir'avn, Dajjol kabi Allohning dushmanlariga berilgan va beriladigan g‘ayri tabiiy imkoniyatlar mo‘‘jiza ham emas, karomat ham deyilmaydi, balki ularning hojatlarini ravo etish deb sanaladi. Zero, Alloh taolo o‘z dushmanlariga uqubat sababi bo‘lsin deb ularni o‘z mayllariga qo‘yib beradi va hojatlarini ham (vaqtincha) ravo etib turadi. Ular bundan mag‘rurlanib, tajovuzkorlik va kufrda davom etadilar. Bularning hammasi joiz va mumkin ishlardandir.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:04:34
Alloh taolo yaratmay turib ham yaratuvchi (xoliq) edi. Rizq bermay turib ham roziq edi.

Alloh taolo oxiratda ko‘rinadi. Mo‘‘minlar Uni jannatda o‘z ko‘zlari bilan tashbehsiz, kayfiyatsiz (biror holatsiz), ko‘ruvchi bilan Uning o‘rtasida masofa bo‘lmagan holda ko‘rurlar.

Imon - bu iqror va tasdiqdan iboratdir. Osmonlaru Yer ahlining imonlari imon keltiruvchi narsalar jihatidan ko‘paymaydi ham, kamaymaydi ham. Ammo ishonch va tasdiq jihatidan ozayib-ko‘payib turadi. Mo‘‘minlar imonda, tavhidda, o‘zaro tengdirlar, ammo amalda bir-birlaridan ortiq-kamdirlar.

Islom - bu Allohning buyruqlariga taslim va itoat etishdir. Imon bilan Islom o‘rtasida lug‘aviy jihatdan farq bo‘lsa-da, lekin islomsiz imon, imonsiz islom bo‘lmas. Ularning ikkisi astar bilan avra yoki ich bilan tash kabidir. Din esa imon, islom va shariat ahkomlarining yig‘indisidir.

Allohni barcha sifatlari bilan Kitobida o‘zi tavsif etganidek haqiqiy ma'rifat bilan taniymiz. Lekin hech kim Unga loyiq, haqiqiy ibodat bilan ibodat qila olmaydi. Biroq Kitobida buyurganidek, Rasulining sunnatida ko‘rsatilganidek ibodat qilishi mumkin. Demak, barcha mo‘‘minlar ma'rifat (Allohni tanish)da, ishonchda, tavakkulda, muhabbatda, rizoda, xavfda, umidda va imonda tengdirlar. Bundan tashqari amallarda esa, bir-birlaridan farq qilurlar.

Alloh taolo o‘z bandalariga nisbatan fazlu karamli hamda adolatlidir: ba'zida bandasiga qilgan ishiga yarasha emas, balki necha barobar ortig‘i bilan savob baxsh etar. Gohida gunohiga yarasha jazo berur. Ba'zan fazliga olib, kechirib yuborur.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:04:57
Payg‘ambarlarning, shu jumladan, bizning Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning gunohkor mo‘‘minlar jazoga mustahiq kabira gunoh egalari haqqiga qilajak shafoatlari haq va rostdir.

Qiyomat kuni amallarning o‘lchanishi, tarozu haq va rostdir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Havzi Kavsarlari haq va rostdir.

Xasmlar o‘rtasida savoblari bilan hisob-kitob qilinishi, agar savobi bo‘lmasa, gunohlaridan olib berilishi haq va rostdir.

Jannat va do‘zax shu kunda ham mavjuddir. Ular abadiy, foniy bo‘lmaydilar. Jannatning nozu ne'matlari, huru g‘ilmonlari ham abadiy barhayotdirlar. Allohning jazosi ham, savobi ham abadiy, tuganmasdir.

Alloh taolo xohlagan kishini O'z fazli bilan hidoyatga yo‘llar. Xohlaganini O'z adli bilan zalolatga qoldirur. Ya'ni O'z roziligi sari tavfiq ato qilmas. Bu Uning adolatidir. Shuningdek, mazkur betavfiqni jazolashi ham Uning adli hisoblanur.

Mo‘‘min kishining imonini shayton majburan sug‘urib olmaydi, balki bandaning o‘zi imonni tark etgan paytda u olib qo‘yiladi.

Qabrda Munkar va Nakir ismli farishtalarning kirib, marhumdan savol so‘rashlari haq va rostdir. Qabrda bandaga ruhning qaytarilishi, qabrning kofirlar va ba'zi gunohkor musulmonlarni qisishi, ularning qabr azobini tortishlari haq va rostdir.

Ulamolarning Alloh sifatlarini fors tilida (Arabchadan boshqa tillarda) zikr etishlari joizdir. Ammo «yad» so‘zini Allohga nisbat berilganda fors tilida «Dasti Xudo» - deb zikr etilmagay. «Allohning yuzi» deb aytish joiz, lekin tashbehsiz va kayfiyyatsiz aytilishi shart. Allohning uzoqligi va yaqinligi o‘rtasidagi masofaning uzun-qisqaligi bilan izohlanmaydi, balki yaqinlik - bandaning mukarramligi, uzoqlik - uning xorligidir. Itoatkor odam Allohga yaqindir, lekin kayfiyyatsiz. Itoatsiz kimsa Undan uzoqdir, lekin kayfiyyatsiz. Yaqinlik, uzoqlik, yuzma-yuz bo‘lish, jannatda yonma-yon bo‘lish, Uning huzurida turish kabilarni kayfiyyatsiz, deb bilish zarurdir, ya'ni qanday holatda bo‘lishi bizga ma'lum emas.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:05:47
Qur'oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan va mushaflarimizga yozilgandir. Uning barcha oyatlari fazilat va ulug‘likda Allohning kalomi bo‘lgani uchun barobardir. Ammo ba'zi oyatlarning o‘qilishi o‘zi fazilatli bo‘lsa, boshqalari undagi zikr etilgan narsalar sababli fazilatga egadir. Masalan, «Oyatul-Kursiy»da Allohning ulug‘ligi, buyukligi va sifatlari zikr etilgan. Demak, unda ikkita fazilat jam bo‘lgan - zikr va mazkur fazilatlari. Kofirlar to‘g‘risida kelgan oyatlarda faqat zikr fazilati bo‘lib, mazkur qayd etilganlar kofirlar bo‘lganlari uchun ikkinchi fazilat tushib qoladi. Shuningdek, Allohning ism va sifatlari fazilat va ulug‘likda barchasi tengdir, bir-biridan bu jihatdan farq etmas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ota-onalari fitrat (islomiy tabiat - islom)da vafot etganlar. Amakisi Abu Tolib kofirlik holida olamdan o‘tgan. Qosim, Tohir, Ibrohim - Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari, Fotima, Zaynab, Ruqayya va Ummu Kulsum - qizlaridir.

Har kimga tavhid va aqida ilmiga doir biror mushkul masala uchrab qolsa, to biror olimni topib, so‘rab, aniqlab olguniga qadar: «Allohning nazdida to‘g‘ri bo‘lganiga e'tiqod qildim», - deb turishi zarur. Olimni izlashda taxir etmagay (kechiktirmagay). Taxirga qo‘ysa uzri qabul etilmas. Agar izlashdan to‘xtasa, kofir bo‘lur.

Me'roj voqeasi haq va rostdir. Har kim uni inkor etsa, u zalolat va bid'at ahlidir.

Dajjol va Ya'juj-Ma'jujning chiqishlari, Kuyoshning kun botar tomonidan chiqishi, Iso (a.s.)ning osmondan tushishlari va boshqa qiyomat alomatlari sahih xabarlarda zikr etilganidek haq va rostdir.

Alloh taolo O'zi xohlagan bandasini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etgay!

Abdulaziz Mansur tarjimasi
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:07:57
:bs1:

«AL-AQIDATUT-TAHOVIYA» RISOLASI

Muallifi — Abu Ja’far Ahmad ibn Muhammad at-Tahoviy.
238 hijriy/858 milodiy yilda Misrning Taho nomli qishlog‘ida tug‘ilib, 321 hijriy/933 milodiy yilda Qohirada vafot etganlar.
Hanafiy mujtahidlarining eng yiriklaridan. Tafsir, hadis, fiqh, aqoid, tarix va boshqa fanlarda zamonasining peshvosi bo‘lganlar.



«AQIDA» RISOLASI

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

Hamdu sano olamlar Parvardigoriga xosdir!

Ushbu risolada biz Imom A'zam, Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) kabi mashhur sohib mazhab fuqaholarimiz e'tiqod qilgan «Ahli Sunna val-Jamoa» aqidalarini bayon etamiz.

Allohning tavhidi to‘g‘risida uning tavfiqi bilan chin dildan e'tiqod qilgan holda quyidagilarni aytamiz va ularga ishonamiz:

Alloh birdir, Uning sherigi yo‘qdir, Uning tengi va timsoli yo‘qdir, Uni yengadigan va ojiz qoldiradigan biror kuch yo‘qdir, Undan o‘zga iloh yo‘q. U qadimdirki, ibtidosiz va doimiydirki, intihosiz. U foniy emas va aslo yo‘q bo‘lmas. Barcha ish faqat uning iroda-xohishi bilan bo‘lur. Uning mohiyatiga aql yetmas. Uning hikmatini hech bir kimsa fahm etmas. U odamlarga o‘xshamas. Tirikdir - o‘lmas, qoyimdirki, uxlamas. U yaratuvchidir, lekin O'zi behojat. Rizq beruvchidir, lekin O'zi haq olmas. U o‘ldiruvchidir, lekin qo‘rqmas. Yana tiriltiruvchidir, lekin bemashaqqat. Barcha sifatlari hech nimani yaratmay turib ham mavjud bo‘lgan. Yaratgandan keyin Unga biror sifat qo‘shilib qolgan emas. Azaliy bo‘lgan sifatlari abadiy boqiy qolur. Xoliqlik sifatini olamni xalq etganidan keyin olgani yo‘q. U Parvardigordir, lekin o‘zi parvarishga muhtoj emasdir. O'zi Xoliqdir, maxluq emas. O'zi jon ato etgan maxluqlarini o‘lganlaridan keyin qayta tiriltirgay, lekin bu sifati tiriltirmay turib ham mavjud edi. U hamma narsaga qodir, hamma narsa Unga muhtojdir. Hamma ish Unga osondir. Biror narsaga zor emasdir. Uning o‘xshashi, tengi yo‘qdir. U eshituvchi va ko‘rinuvchidir. Barcha maxluqotni o‘z ilmi bilan bilib yaratgan va ularni o‘lchov va muddat bilan belgilab qo‘ygan. Ularni yaratmay turib ham hech narsa Unga maxfiy emas edi. Odamlarni yaratmay turib nima ishlarni qilishini bilgan. Bilib turib ularni itoat qilishga buyurgan, itoatsizlikdan qaytargan. Hamma narsa Uning taqdiri, xohishi bilan bo‘lur. Uning xohishi hamisha ustundir. Odamlarning xohishi Uning xohishiga bog‘liqdir. Ya'ni U nimani xohlasa bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmaydi. Xohlagan bandasini o‘z xohishi bilan gunoh-ma'siyatlardan saqlab, hidoyat yo‘liga solib qo‘yadi. Xohlagan bandasini o‘z adli bilan adashgan holicha qo‘yib, yordamsiz qoldiradi. Hamma Uning yo fazliga yoki adliga uchrab turadi. Uning na aksi bor va na tengi. Uning qazo va taqdirini hech kim to‘sa olmaydi. Uning hukmi qat'iy va amri hamisha g‘olibdir. Bularning hammasiga imon keltiramiz.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:09:54
Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning tanlagan quli va oxirgi payg‘ambaridir. Ul zotdan keyin qilingan har qanday payg‘ambarlik da'vosi yolg‘ondir. Ul hazrat barcha jin va Odam avlodlariga yuborilgan haqiqiy payg‘ambardirlar.

Qur'on - bu Allohning so‘zidir. Uning huzuridan Rasulullohga vahiy orqali so‘zma-so‘z nozil qilingan. Buni barcha mo‘‘minlar haq deb ishonmoqlari shartdir. Allohning kalomi inson kalomidek emas. Kimiki uni eshitganda inson so‘zi deb e'tiqod qilsa, dindan chiqib kofir bo‘lur. Bu haqda Allohning o‘zi Qur'oni karimda xabar berib: «Unday shaxsni Saqar do‘zaxiga solurman», - degan. Demak, Qur'on - bu insonning so‘zi emas, balki insonni ham yaratgan Xoliqning kalomi ekan. Kimiki Allohni ta'riflaganda, Uni insonga o‘xshatsa, kofir bo‘lib qoladi. Bunga ibrat nazari bilan boqmoq kofirlar e'tiqodidan hazar qilmoq va Uning barcha sifatlari inson sifatlariga o‘xshamaydi, deb bilmoq zarurdir.

Jannat ahli Allohning diydorini ko‘rurlar, lekin makon va kayfiyatsiz. Bunga ushbu oyat dalildurki: «Ushbu kun ba'zi kishilarning yuzlari Parvardigoriga qaragan holda xursanddurlar». Buning tafsiri va haqiqati Allohning irodasi va ilmiga havoladir. Hadisi shariflarda Allohning diydorini ko‘rish xususida kelgan xabarlarga beshak ishonamiz, lekin o‘zimizcha ta'vil yoki sharh qilmaymiz.

Allohga va Uning rasuliga taslim qilgan va bilmagan ilmini o‘z biluvchisiga topshirgan kishi haqiqiy ehtiyotkor mo‘‘min hisoblanadi. Islomning qadami ham Xoliqqa taslim etish va bo‘yinsunish bilan sabotli bo‘ladi. Bilish mumkin bo‘lmagan narsani bilaman, deb behuda urinish turli shubha va xayolotlarga olib keladi. Natijada unday odam haqiqiy tavhiddan uzoqlashib kufr bilan imon o‘rtasida sarson bo‘lib qoladi. Ya'ni vasvasaga giriftor bo‘lib - ishonuvchi mo‘‘minmi yoki ishonmaydigan munkirmi - diliga shak tushib qoladi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:10:13
Jannatda Allohni ko‘rish kayfiyyati xayol yoki fikr bilan belgilanmaydi, balki faqat ko‘rishlikni haq deb bilib, qanday va qanaqa degan savollardan ehtiyot bo‘lmoqlik zarur bo‘ladi. Zero, Parvardigorimiz vahdoniyat, ya'ni yagonalik sifati bilan sifatlangan. Bunday sifat birorta boshqa zotda yo‘qdir. U chegara, a'zo, asbob va maxluqotdek har olti tomon bilan sifatlanmaydi.

Me'roj voqeasini haq deb e'tiqod qilamiz. Alloh taolo Muhammad sallallohu alayhi vasallamni bir kecha uyg‘oqlik hollarida osmonga olib chiqib, O'zi xohlagan alomatlarni ko‘rsatgani haqiqatdir. Bu borada oyat va hadislar vorid bo‘lgan.

Qiyomat kuni Muhammad sallallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini Allohning marhamati bilan Havzi Kavsar suvi bilan mehmon qilishlarini ham haq deb e'tiqod qilamiz.

Payg‘ambarimizning gunohkor ummatlariga shafoat qilib, mag‘firat so‘rashlari ham haqdir.

Alloh taoloning Odam alayhissalom va uning zurriyotidan ahd-paymon olgani, ya'ni «Miysoq» ham haqdir.

Alloh taolo qiyomatda qancha odam jannatga, qancha odam do‘zaxga kirishini azaldan bilgan. O'sha adadning miqdori aslo kam yoki ziyoda bo‘lmaydi.

Bandalar dunyoga kelib nima ishlar qilishini ham Alloh taolo azaldan bilgan. Har bir insonni taqdiriga muvofiq ish qilib boradigan qilib qo‘ygan.

Barcha ishlar oqibati va natijasiga qarab baholanadi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:10:56
Taqdirda baxtli deb yozib qo‘yilgan odam haqiqiy baxtlidir. Shuningdek, taqdirda baxtsiz yoki badbaxt deb yozib qo‘yilgan inson haqiqiy baxtsizdir. Taqdir esa insonlardan sir tutiladi, u faqat Allohgagina ma'lumdir. Uni hatto, Allohga yaqin bo‘lgan farishtalar ham, payg‘ambarlar ham bilmaydilar. Taqdir to‘g‘risida chuqur xayol yurgizish yoki bahslashish behuda ishdir, balki tug‘yondir. Bundan juda hazar qilish zarur. Uni Alloh taolo o‘ziga xos ilm qilib, bandalarini taqdir to‘g‘risida fikr yuritishdan man etadi. Bir oyati karimada: «Alloh o‘zining qiladigan ishlaridan hech kimga hisobot bermaydi, balki odamlar Unga hisobot berurlar», deyiladi. Kimiki: «Nega Alloh bunday qiladi yoki nega unday qilmadi?» desa, Taqdir hukmini rad etgan bo‘lib, imondan ajrab qoladi.

Qalbi chin imon nuri bilan munavvar bo‘lgan, Allohga yaqin bandalarga kerakli ma'lumotlar shulardan iborat. Puxta ilmli deb ham shunday aqidaga ega bo‘lganlarga aytamiz. Zero, ilm ikki xil bo‘ladi. Birinchisi hammaga zohir va oshkora ilm, ikkinchisi g‘aybiy pinhona ilm. Zohiriy ilmlarni inkor etish yoki g‘aybiy ilmlarni bilishni da'vo etish kufr hisoblanadi. Zohiriy mavjud ma'lumotlarni qabul etish va g‘aybiy ilmlar da'vosini tark etish bilangina imon sobit turadi.

Allohning huzuridagi barcha narsalar taqdiri yozilgan Lavh va Qalamning haqligiga ham imon keltiramiz. Hamma xalq bir bo‘lib, Lavhi mahfuzdagi «bo‘ladi» deb qo‘yilgan ishni bo‘ldirmaslikka urinsalar ham aslo qo‘llaridan kelmaydi. Shuningdek, «bo‘lmaydi» deb yozib qo‘yilgan ishni ham bo‘ldira olmaydilar. Qiyomatgacha bo‘ladigan ishlarni qalam yozib bitirgan va siyohi qurib bitgan. Bir banda xato ish qilgan bo‘lsa, demak, u taqdir bo‘yicha shunday qilish kerak bo‘lgan, to‘g‘ri ish qilgan bo‘lsa ham xuddi shunday.

Har bir banda shuni yaxshi bilmog‘i kerakki, Alloh taolo barcha bo‘ladigan ishlarni oldindan bilgan va shu ilmiga binoan qat'iy taqdirini belgilab qo‘ygandir. Uning taqdirini o‘zgartirib qo‘yadigan biror kuch yo‘q. Yaratgan yeru osmonlarida biror nuqson yoki ortiqchalik yo‘q. Oyati karimada voridkim: «U har bir narsani o‘ziga munosib aniq o‘lchovi bilan yaratdi». Yana bir boshqa oyatda: «Allohning barcha ishi puxta o‘lchov bilandir» deyiladi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:11:12
Bas, kimiki azal taqdirida Allohning dushmani deb yozilib qolgan bo‘lsa, dili Alloh uchun erimaydigan toshbag‘ir bo‘lsa, o‘zining noqis aqli bilan g‘aybiy narsalarni bilishni da'vo qilsa va bu ishlari bilan yolg‘onchi nomiga sazovor bo‘lib osiy bo‘lsa, uning holiga voy!

Arsh, kursiy kabi ulkan mavjudotlarning borligi haq. Alloh ularga va boshqa narsalarga ham muhtoj emas, balki hamma katta-kichik bepoyon maxluqot va mavjudot uning qo‘lidadir.

Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni do‘stim degan, Muso alayhissalom bilan gaplashgan. Bularga tasdiq ila imon keltiramiz.

Farishtalarga, payg‘ambarlarga va ularga tushirilgan ilohiy kitob va sahifalarga imon keltiramiz. Payg‘ambarlarning hammasi ham to‘g‘ri va haq yo‘lda bo‘lganlar.

Bizning qiblamizga qarab namoz o‘qiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad sallallohu alayhi vasallam keltirgan barcha ma'lumotlarni e'tirof etadigan bo‘lsalar.

Allohning zoti to‘g‘risida chuqur fikr yuritmaymiz. Uning dini haqida ham bahsu jadal qilmaymiz. Qur'oni karim to‘g‘risida ham xuddi shunday. Qur'on Allohning kalomi, uni Jabroil alayhissalom olib kelib, Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ta'lim berganlar, deb imon keltiramiz. Qur'on so‘ziga teng keladigan so‘z yo‘q. Uni yaratilgan demaymiz. Allohning kalomi maxluq emas, balki uning lafzu harflari, qog‘oz va qiroati maxluq.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:11:32
Musulmon jamoasiga muxolif bo‘lmaymiz. Qibla ahlini gunoh ish qilsalar ham kofir sanamaymiz, basharti uni gunoh ish ekanligini ko‘r-ko‘rona inkor etmasa.

Imonli kishiga qilgan gunohi mutlaqo zarar bermaydi ham demaymiz. Solih mo‘‘minlarning tavbalarini qabul etib, gunohlaridan o‘tib, jannatga doxil qiladi deb Alloxdan umid qilamiz. Ammo ulardan qat'iy xotirjam bo‘lib, jannatiy deb guvohlik bermaymiz.

Mo‘‘minlarning gunohkorlari haqqiga istig‘for aytamiz. Ularga Allohning azobi bo‘lishidan xavfsiraymiz. Ammo ularni Allohning rahmatidan noumid qilmaymiz. Allohning azobidan xotirjam bo‘lish va rahmatidan noumid bo‘lish islomdan begona qilib qo‘yadi. Haqiqat umid va qo‘rquv o‘rtasidadir. Mo‘‘min kishi imondan chiqishi uchun imonga kirishiga sabab bo‘lgan narsalarni inkor etgan bo‘lishi kerak.

Imon - bu Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam Alloh tomonidan keltirgan barcha ma'lumotlarni til bilan iqror qilib, dil bilan tasdiqlashdir.

Rasululloh (s.a.v.) orqali bizga yetkazilgan barcha shariat ahkomlari va izohlarini haq deb bilamiz.

Imon bir butun yaxlit ma'naviy narsadir. Imon ahli bu jihatdan barobardirlar. Mo‘‘minlar bir-birlaridan Allohdan qo‘rquvda, taqvoda, nafsni tiyishda va boshqa amallarda farq qilurlar.

Mo‘‘minlarning hammasi Rahmonning do‘stlaridir. Uning nazdida kim itoatkorroq va Qur'onga amalni ziyoda qiladiganroq bo‘lsa, o‘sha inson boshqalardan aziz va mukarramroqdir.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:11:57
Imon - bu Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, qiyomat kuniga, Allohning yaxshi-yomon taqdiriga va o‘lgandan keyin tiriltirishiga ishonmoqlikdir. Biz shularning hammasini haq deb ishonamiz, payg‘ambarlarning hech birini ajratmay, kitoblarini tasdiq etgan holda imon keltiramiz.

Muhammad sallallohu alayhi vasallamning mo‘‘min ummatlaridan katta gunohlarni qilganlari tavbasiz o‘tgan bo‘lsalar ham do‘zaxda abadiy qolmaydilar. Ammo imonli vafot etgan bo‘lishlari shart. Ularning ishlari Allohning xohishiga havola. Xohlasa fazlu karami bilan kechib yuboradi. Xohlasa adli bilan azoblaydi. So‘ng yana ularni o‘z rahmati va ulug‘larning shafoati bilan qutqarib, jannatga doxil qiladi. Buning hikmati shuki, Alloh taolo o‘zini tanib, imon keltirganlar bilan inkor etganlarni barobar qilib qo‘ymaydi. Zero, u mo‘‘minlarni do‘st tutgan. Binobarin, ularni gunohlaridan pok etib, oxiri ahli jannat qilur. Iloho, qadamlarimizni islomda sobit etgin!

Har qanday solih va fojir imom orqasida iqtido qilib namoz o‘qishni joiz deb bilamiz. Yaxshi-yomon musulmonga ham janoza o‘qiyveramiz. Mo‘‘minman deb yurganlarni qat'iy jannatiy yoki do‘zaxiy deb aytmaymiz. Ularni to aniq belgisi zohir bo‘lmaguncha kofir, mushrik yoki munofiq deb guvohlik bermaymiz. Ularning zohiriga qarab musulmonchilik muomalasini qilaveramiz, botinlarini Allohga havola etamiz.

Muhammad sallallohu alayhi vasallam ummatidan hech kimga nisbatan qilich ko‘tarishni joiz ko‘rmaymiz. Shariat vojib qilgan had jazolari bundan mustasno.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:12:20
Podsholarimiz, rahbar amaldorlarimizga qarshi, garchi zulm qilsalar ham xuruj qilmaymiz, ularni duoi bad ham etmaymiz. Itoatdan bosh tortmaymiz. Ularga itoat etishni Allohga itoat etish jumlasidan, ya'ni farz deb bilamiz. Gunoh-ma'siyat ishlarga buyursalargina itoat etmaymiz. Ularning haqqiga duoi xayr qilib turamiz.

Sunnat va jamoatga ergashamiz. G'ayri tabiiy odatlar, xilof, tafriqadan qochamiz. Adolatli, omonatli kishilarni do‘st tutamiz. Zulm va xiyonat ahlini yomon ko‘ramiz. Bizga ravshan bo‘lmagan shubhali ishlarni Allohning ilmi va ixtiyoriga havola qilamiz.

Safarda va vatanda poyafzallarga mash tortishni joiz deb bilamiz. Bu xususda hadislar bor.

Haj va jihod to qiyomatgacha musulmonlarning solih yoki fojir rahbarlari boshchiligida davom etadi. Ularni hech narsa bekor qilmaydi.

Amallarimizni yozib boruvchi (kiroman kotibin) farishtalar borligiga ishonamiz. Shuningdek, jon oluvchi farishta (Azroil a.s.)ga ishonamiz.

Qabrda ba'zi mustahiq kishilarga azob bo‘lishini, Munkar va Nakir degan ikki farishta kirib marhumdan Rabbi, dini va payg‘ambari haqida savol qilishini haq deb bilamiz. Qabr - bu kimgadir jannat bog‘laridan biri, kimgadir do‘zax quduqlaridan biridir.

Qiyomat kuni qayta tirilishimizga, amallarimizga muvofiq jazo va mukofot olishimizga, nomai a'mollarimizni o‘qishimizga, pulsirot ko‘prigi va amal tarozisiga, hozir ham mavjud, yo‘q bo‘lmaydigan jannat va do‘zaxga ishonamiz. Bu ikki manzilni hammadan oldin yaratib, ularga munosib o‘z ahllarini ham so‘ng xalq etdi. Har bir inson o‘zining boradigan manziliga loyiq ish qilib boradi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:12:52
Yaxshilik ham, yomonlik ham bandalarga azal taqdirda bitiklidir.

Alloh taolo hech kimni toqati va qudrati yetmaydigan ishga buyurmaydi. Toqat va qudrat esa faqat shu ishni bajarishda namoyon bo‘ladi. Ammo taklif sog‘lom odamga ishni bajarmasdan oldin yuborilishi mumkin.

Bandalarning qilayotgan ishlarini aslida Alloh yaratadi. Ularni toqatlari yetmaydigan ishga taklif qilmaydi. Ularning qudrati ham taklif etilgan narsagagina yetadi. Bu quyidagi kalimaning tafsiridirkim, «Lo havla va quvvata illo billoh»dir. Ma'nosi: «Allohga gunohkor bo‘lmaslikning hech chorasi yo‘q, magar Allohning yordami bilangina mumkindir. Allohga itoat qilishga hech kimning qudrati yetmas, magar Aplohning tavfiqi bilangina mumkin bo‘lur».

Har bir ish Allohning xohishi, ilmi, taqdiri bilangina bo‘lur. Allohning xohishi barcha xohishlardan ustundir. Qazo va qadari esa barcha hiyla va tadbirlardan g‘olibdir. Alloh o‘zi xohlagan ishni qila bilur. Lekin hargiz zulm qilmas. U har qanday yomonlik, aybu nuqsondan xolidir. «U qilayotgan ishidan hech kimga hisobot bermas, balki unga hisobot berilur!» («Anbiyo» surasi, 23-oyat)

Tiriklarning marhumlar uchun qiladigan duolari, sadaqa va ehsonlari foydadan xoli emasdir. Alloh taolo duolarni qabul etuvchi, hojatlarni ravo ko‘ruvchi zotdir. U hamma narsaga molikdir, Unga hech kim molik emasdir. Olamni bir lahza ham Xudosiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kimki o‘zini Usiz mustaqil deb bir lahza tasavvur etsa, dindan chiqib halokat ahliga mansub bo‘lur. Alloh taoloning g‘azabi va rizosi bor, lekin bandalaridagidek emas.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:13:08
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning barcha sahobalarini do‘st tutamiz. Do‘st tutishda haddan oshib, shuhratparastlikka o‘tib ketmaymiz. Ulardan hech kimni dushman tutmaymiz. Ularni yomon ko‘ruvchilarni yomon ko‘ramiz. Ularga faqat yaxshi sifatlarni nisbat beramiz. Ularga muhabbat bog‘lashlik - bu din, imon, ehson belgisidir. Ularni yomon ko‘rishlik - bu kufr, nifoq va tug‘yon alomatidir.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng xalifalik ummatning afzali va peshvosi bo‘lmish Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga, so‘ng Umar Foruqqa, so‘ng hazrati Usmon zun

nuraynga, so‘ng Hazrati Ali Murtazo roziyallohu anhumga nasib bo‘ldi. Bu to‘rt xalifani «Xulafoyi roshidin», ya'ni to‘g‘ri yo‘l tutgan peshvo xalifalar deyiladi.

O'nta sahobani Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam jannat ahli, deb bashorat berganlar. Ular: Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Sa'd, Said, Abdurahmon ibn Avf va Abu Ubayda ibn Jarroh (roziyallohu anhum)dirlar.

Kimiki Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sahobalari va ayollarini turli yomon so‘zlardan poklab, yaxshi sifatlar bilan yod etsa, shuningdek, zurriyotlarini ham turli noshoyista sifatlardan himoya qilib zikr etsa, munofiqlik isnodidan o‘zini pok tutgan bo‘ladi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:13:48
Sahobalar va tobe'inlar ahli xayr, ahli fiqh, ahli rivoyat, ulug‘ martabali zotlardir. Ularni faqat yaxshilik bilan yod etish lozim. Kimiki ularga yomonlikni nisbat bersa, u o‘ta adashganlardan bo‘lur.

Avliyolardan hech birini payg‘ambarlarning hech biridan ortiq sanamaymiz, balki bitta payg‘ambar barcha avliyolardan afzaldir. Avliyolarning karomatlari haqdir. Bunga ishonchli rivoyatlar bor.

Qiyomat alomatlariga ham ishonamiz. Masalan, Dajjolning chiqishi, Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, quyoshning g‘arb tomondan chiqishi, Yer hayvonining chiqishi kabilar.

Folbinlar so‘zini tasdiq etmaymiz. Qur'on, hadis va ijmoi Ummatga xilof gaplarni qabul qilmaymiz.

Jamoatni haq va to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Tafriqani zalolat va azob deb bilamiz. Allohning dini Yerda ham, osmonda ham bir, ya'ni islom dinidir. Bu din o‘rtahol, mukammal, ommabop dindir. Mana shular bizning ichki va tashqi aqidamiz va dinimizdir. Shularga xilof qiluvchilarga biz muxolifmiz.

Alloh taolodan hammamiz uchun imonda sobit qadamlik, imon bilan o‘tishlik, turli botil aqidalardan saqlanishlik, Ahli Sunna val-Jamoada barqaror bo‘lishlikni so‘raymiz. Barchamizga tavfiq ato etgay!

Abdulaziz Mansur tarjimasi
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:16:43
:bs1:

«AQOIDI NASAFIYA» RISOLASI

Muallifi — Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy. Vafoti 537 hijriy yil. Yuzga yaqin kitob yozgan. 550 nafar olimlardan saboq olgan va ularga bag‘ishlab alohida bir kitob bitgan. Ushbu «Aqoid» risolasi to‘qqiz asrdan beri moturidiya aqidasi bo‘yicha madrasalarda qo‘llanma tarzida foydalanib kelmoqda.


AQOIDI NASAFIYA

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

«Ahli Sunna val-Jamoa» atalmish islomiy-aqidaviy yo‘nalish ulamolarikim, ularni «Ahli haq» ham derlar, shunday demishlar:

Barcha mavjud narsalar haqiqatan voqelik va mohiyatga egadir va ularni bilib olish va idrok etish mumkindir. Sufastoiya oqimi bunga xilof qilurlar va ayturlarki, mavjudotning barchasi garchi bizga bordek ko‘rinsa-da, aslida yo‘q narsalar bo‘lib, ular xayoliy va vahmiy hissiyot mahsulidan o‘zga narsa emasdir.

Mavjudot va maxluqotlarni bilish va idrok etish vositalari uchtadir, sog‘lom sezgi a'zolari, ishonchli xabar va aql.

1.  Insondagi sezgi a'zolari. Ular besh xildir: eshitish, ko‘rish, hid bilish, ta'm sezish va badan orqali sezish a'zolari. Bularning har biri qaysi vazifa uchun tayin etilgan bo‘lsa, o‘sha bilangina chegaralanadi (ya'ni ko‘z bilan eshitib bo‘lmaganidek, quloq bilan ham ko‘rib bo‘lmaydi).

 2. Ishonchli xabar. U ikki xildir:

1. Mutavotir sanalgan xabar. U shunday xabarki, ko‘pchilik og‘zidan eshitilgan bo‘lib, ular o‘zaro yolg‘on gap tarqatishga kelishib olishlari mumkin bo‘lmagan kishilar bo‘lishi kerak. Bundan hosil bo‘lgan bilim «ilmi zaruriy» («qat'iy ilm») deb ataladi. Masalan, o‘tgan zamonlarda yashagan podshohlar, uzoq masofadagi mamlakatlar borligi haqidagi xabarlar va hokazo.

2. Mo‘‘jiza bilan quvvatlantirilgan payg‘ambar xabari. U istidloliy (dalilli) ilmni paydo qiladi.

Uning vositasi bilan bilinadigan ilm ishonch va sobitlikda mazkur «ilmi zaruriy»ga tenglashadi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:16:56
3. Aql. U ham bilim vositasidir. Uning vositasida darhol bilinadigan ilm ham «ilmi zaruriy» deb ataladi. Masalan, har bir narsa o‘zining bo‘laklaridan kattaligi darhol anglashilgani kabi. Aqliy dalil bilan bilinadigan ilmga esa «iqtisobiy» yoki «kasbiy ilm» deyiladi. Biror narsaning mohiyatini anglab yetishda ilhom bilim vositasi bo‘la olmaydi.

Olam o‘zining barcha ashyosi bilan birgalikda hodisdir. Ya'ni qachondir yaratilgandir. Zero, olam murakkab va murakkab bo‘lmagan mustaqil jismlar hamda mustaqil bo‘lmagan, balki boshqa jismlarga suyanib turuvchi jismlardan iboratdir. Mustaqil va murakkab jismlar uchun misol sifatida katta va kichik mavjudotlarni hamda mustaqil bo‘lmagan sifatlarga esa ranglar, ta'm va hidlarni keltirish mumkin. Ya'ni qizil olmaning o‘zi mustaqil, uning rangi esa g‘ayri mustaqil. Zero, u olmadan ayri holda tura olmaydi.

Olamning yaratuvchisi Allohdir. U yakkayu yagona, qadim, tirik, qudratli, bilimli, eshituvchi, ko‘ruvchi, xohlovchi, iroda etuvchikim, ashyolardagi foniy sifatlar Unda yo‘qdir. U jism ham, javhar ham emas. Yana u tasvirlanuvchi ham, chegaralanuvchi ham, sanaluvchi ham emas. U qismlarga bo‘linuvchi va bo‘laklardan tarkib topgan ham emas. U cheksiz va nihoyasizdir. U qanday, qanaqa, nima deb so‘ralmaydi. U biror makonda qaror olib turuvchi emas. Unga vaqt, zamon daxldor emas. Biror narsa Unga o‘xshamas. Uning bilim va qudrat doirasidan hech narsa tashqariga chiqmas.

Uning mustaqil, azaliy sifatlari borkim, ular Allohning O'zi ham emas, O'zidan o‘zga ham emasdir. Ular: ilm, qudrat, hayot, quvvat, eshitish, ko‘rish, iroda, xohish, yaratish, rizq berish, gapirish kabi O'ziga xos sifatlardir.

Alloh o‘ziga xos kalom bilan so‘zlar. So‘zlash uning azaliy sifatidir. Uning kalomi harflar va tovushlar jinsidan emas. Uning bu sifati sukut va turli ofatlardan xolidir. Alloh shu sifati bilan gapiruvchidir, u bilan buyuruvchi, taqiqlovchi va xabar beruvchidir.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:17:28
Qur'on - Allohning kalomi. U maxluq (keyin yaratilgan) emas. U mushaflarimizga bitiluvchi, qalblarimizda yod olinuvchi, tilimizda qiroat qilinuvchi, quloqlarimiz bilan eshitiluvchidir. Lekin o‘sha joylarga kirib o‘rnashib qoluvchi emas.

Takvin (paydo etish) Allohning azaliy sifatidir. U bu sifati bilan butun olamni barcha qismlari bilan o‘ziga munosib vaqtlarda yaratgan. Takvin sifatini bizning aqidamiz bo‘yicha Allohga nisbat berilganda «paydo etilgan» deb emas, balki «paydo etuvchi»deb bilish kerak bo‘ladi.

Iroda ham Allohning azaliy mustaqil sifatlaridan. Allohdan qo‘rqish aqlan mumkin. Naqliy (Qur'on va hadisda mavjud) dalillarga binoan ham qat'iydir.

Mo‘‘minlarning oxiratda Alloh taoloni ko‘rishlari xususida qat'iy xabarlar eshitilgan. Ko‘rinish biror makonda yoki biror muqobil tomonda bo‘lmaydi. Shuningdek, ko‘z nurining yetib borishi yoki Alloh bilan ko‘ruvchi o‘rtasida qandaydir masofa bo‘lishi ham mumkin emas. (Demak, ko‘rish haq, lekin holati to‘g‘risida bahs yuritish mumkin emas).

Bandalarning barcha fe'l-harakatlari - xoh ular qufr, xoh imon bo‘ladimi, toat yoki gunoh-ma'siyat kabi ishlardan bo‘ladimi - ularni Alloh taolo o‘z irodasi, xohishi, hukmi, qazosi va taqdiri bilan yaratadi.

Bandalarda ixtiyoriy fe'l va harakatlar bor. Ular sababli savob yoki gunoh orttiradilar.

Bandaning qilgan amallaridan ezgulisi Allohning rizosi bilan, yomoni esa Uning roziligidan tashqari holda ijro etiladi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:17:48
Insonning toqat va qudrati uning biror ishni bajarishi bilan belgilanadi. Mana shu har qanday ishga sarf qilinadigan kuch-qudratning haqiqatidir. Toqat so‘zi vosita va asboblarning sog‘lomligiga qarab o‘z tasdig‘ini topadi. Allohning taklifi (buyruq va taqiqlari) ham shu toqat va imkoniyat chegarasidan tashqari qilinmaydi.

Biror insonni birov urganda hosil bo‘ladigan og‘riq yoki biror inson shishani sindirganda hosil bo‘ladigan siniq va shunga o‘xshash narsalarning hammasini Alloh yaratadi. Bunda bandaning yaratish ta'siri yo‘qdir.

Qatl etilgan murda ham o‘z ajali bilan o‘lgan hisoblanadi. Ajal - bir.

Harom ham rizq hisoblanadi. Har bir inson o‘z rizqini - xoh u halol bo‘lsin, xoh u harom - to‘la iste'mol qiladi. Biror inson o‘z rizqini yemadi yoki uning rizqini birov yeb qo‘ydi, deb tasavvur qilinmaydi.

Alloh taolo xohlagan bandasini zalolatga va xohlagan bandasini hidoyatga yo‘llab qo‘yar. Bandaning foydasini ko‘zlab ish qilish Allohning zimmasiga vojib emas.

Qabrda Allohning ilmi va irodasiga ko‘ra kofirlarga va ba'zi gunohkor mo‘‘minlarga azob berilishi, shuningdek, toat-ibodatli kishilarga rohat ato etilishi, Munkar va Nakir ismli farishtalarning mayit bilan savol-javob qilishlari naqliy dalillar (oyat va hadislar) bilan isbotlangan. Bundan tashqari bu aql jihatidan ham mumkin ishlardandir.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:17:57
O'lgandan keyin (qiyomatda) qayta tiriltirish, amallarini tarozida tortish, nomai a'mol, savol-javob, Havzi Kavsar, Pulsirot, jannat va do‘zax to‘g‘risidagi xabarlarning barchasini haq va rost, deb bilurmiz. Jannat bilan do‘zax hozir ham mavjud va ularning o‘zi ham, unga tushganlar ham boqiy bo‘lurlar, foniylik ko‘rmaslar.

Gunohi kabira (shirk va kufrdan boshqa ulkan gunoh) mo‘‘min kishini imondan chiqarib, kufrga kiritmas. Alloh taolo o‘ziga shirk keltirishni kechirmagay. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni xohlagan bandasi uchun kechirur.

Kichik gunoh uchun jazo va katta gunoh uchun afv belgilanishi mumkin. Bunda gunohni halol, deb e'tirof qilmagan bo‘lish shartdir. Harom va gunoh deb qayd etilgan shar'iy hukmlarni halol demoq kufr hisoblanadi.

Gunohi kabira qilib o‘tgan mo‘‘minlarni afv etilishini Allohdan so‘rab payg‘ambarlar va solih, ahli xayr zotlarning shafoat qilishlari haqdir. Bu xususda oyat va hadislar mavjuddir. Mo‘‘min kishilar gunohi azimlari bo‘lsa ham do‘zaxda abadiy qolmaydilar.

Imon - bu Alloh tomonidan kelgan barcha xabarlarni til bilan iqror va dil bilan tasdiq etishdir. Amallar esa ko‘payib-ozayib turadi. Imon esa ko‘paymaydi ham, kamaymaydi ham (balki uning nuri ziyoda va kam bo‘lib turadi). Imon bilan islom so‘zlari (lug‘aviy jihatdan farqli bo‘lsa-da), bir xil ma'noda ishlatilaveradi. Bandada mazkur tasdiq bilan iqror topilsa, u «Men haqiqatan mo‘‘minman» - deyishi durust bo‘ladi. «Men, inshoalloh, mo‘‘minman» - deyishi mumkin emas.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:18:32
Baxtli odam ba'zan baxtsiz, shuningdek, baxtsiz odam ba'zan baxtli bo‘lib qolishi mumkin. O'zgarish bandaning sifatlari bo‘lmish baxt va baxtsizlikda namoyon bo‘ladi. Baxtli qilish va baxtsiz qilishda emas. Zero, bu ikkisi Alloh taoloning sifatlaridan. Allohning o‘zida ham, sifatlarida ham o‘zgarish ro‘y bermaydi.

Payg‘ambarlarning yuborilishida hikmat bor. Alloh taolo bashardan payg‘ambarlar chiqarib, basharga yuboradi. Ular xushxabar beruvchi, ogohlantiruvchi, odamlarning dunyoviy va diniy ishlarida muhtoj bo‘ladigan narsalarni bayon qilib beruvchidirlar. Alloh taolo ularni turli mo‘‘jizalar bilan quvvatlagan.

Payg‘ambarlarning birinchisi Odam (a.s.), oxirgisi Muhammad (s.a.v.)dir. Payg‘ambarlarning adadi ba'zi hadislarda rivoyat qilingan. Lekin ularni muayyan adad bilan chegaralanmaganlari afzal. Alloh taolo aytgan: «Ulardan ba'zilarining qissalarini Sizga aytdik. Ba'zilarining qissalarini esa, Sizga aytmadik» («G'ofir» surasi, 78-oyat). Adadlari zikr etilgan taqdirda payg‘ambar bo‘lmagan kishining ularga qo‘shilib qolishi yoki payg‘ambar bo‘lgan kishini ular safidan chiqarib qo‘yish xavfi bor. Ularning barchasi Allohning buyruqlarini xalqqa yetkazuvchi, sodiq va nasihatgo‘y zotlar bo‘lishgan.

Payg‘ambarlarning afzali - Muhammad (s.a.v.). Farishtalar Allohning bandalaridir. Uning barcha Buyruqlarini to‘la bajaradilar. Ular erkaklik yoki ayollik jinsi bilan sifatlanmaydilar.

Alloh taoloning payg‘ambarlariga nozil qilgan kitoblari borkim, ularda o‘zining buyruq va taqiqlarini, va'dayu tanbehlarini bayon etgan.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:20:19
Rasululloh (s.a.v.) uyg‘oqlik hollarida jismonan samoga ko‘tarilib, undan Alloh xohlagan oliy makonlarga ko‘tarilib sayr qilgan kechalari (Me'roj kechasi) haq va rostdir.

Avliyolarning karomatlari haqdir. Uzoq masofani oz muddatda bosib o‘tish, zarur hollarda oziq-ovqat, kiyim va boshqa narsalarning hozir bo‘lishi, suv yuzida yurish, havoda uchish, jonsiz narsalar bilan so‘zlashish, balo-ofatlarning daf bo‘lishi, dushmanlarni dog‘da qoldirish kabi ishlar valiylik darajasiga yetgan kishidan zohir bo‘lsa karomat, payg‘ambarlardan sodir bo‘lsa mo‘‘jizadir. Hech bir valiy o‘z diyonatida sodiq va payg‘ambarining barhaq elchi ekanligiga iqror bo‘lmaguncha chin valiy bo‘la olmaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan keyin Abu Bakr, so‘ngra Umar Foruq, so‘ngra Usmon Zunnurayn, so‘ngra Ali ibn Abi Tolib (r.a.)durlar. Xalifaliklari ham shu tartibda kechgandir.

Xalifalik - o‘ttiz yildir. Undan so‘ng esa podshohlik va amirlik davri kelur.

Musulmonlar uchun hukmlarni joriy qilish, hadlarni barpo etish, hojatlarini ravo qilish, lashkarlarini jihozlash, sadaqotlarini yig‘ish, zo‘ravonlik, o‘g‘rilik va qaroqchilikni bostirish, juma va hayit namozlarini barpo etish, fuqarolar o‘rtasida chiqqan nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf etish, haq-huquqlarini himoya qilish uchun berilgan guvohliklarini qabul etish, egalari yo‘q sag‘ir va sag‘iralarni (etimlarni) turmush qurishlarini ta'minlash, o‘ljalar taqsimi va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun imom (podshoh) lozimdir.

Shuningdek, podshoh odamlar ko‘zidan maxfiy va kuttirib qo‘yuvchi emas, balki ochiq ko‘rinib yuruvchi bo‘lishi lozim. Yana u Quraysh qabilasidan bo‘lishi shart. Boshqadan bo‘lishi mumkin emas. Bani Hoshim va Ali avlodiga ham xos emas. Yana podshoh gunohlardan pok bo‘lishi yoki zamonasining eng afzal odami bo‘lishi ham shart emas.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:20:37
Lekin u barkamol rahbarlik egasi, siyosatdon, ahkomlarni tatbiq ettiruvchi, doril islom hududini muhofaza qiluvchi, zolimdan mazlum haqqini undirib beruvchi bo‘lishi shart.

Namozni har qanday solih va fosiq imom ortida unga iqtido qilib o‘qish mumkin, shuningdek, har qanday solih va fosiq musulmonga janoza namozi o‘qish joizdir.

Sahobalar haqida faqat yaxshi gap gapirishga ruxsat etiladi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonlaridan jannatiy deb bashorat berilgan o‘n nafar sahobiylarning jannat ahlidan bo‘lishlariga biz ham guvohlik beramiz. (Ular - Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Sa'd, Sa'id, Abdurahmon, Abu Ubayda roziyallohu anhum.)

Vatanda ham, safarda ham poyafzal uzra mash tortishni joiz deb bilamiz.

Xurmo shirasidan tayyorlangan sharob(sharbat)ni harom demaymiz.

Avliyolar payg‘ambarlarning darajalariga yeta olmaydilar.

Hech bir banda Allohning buyruq va taqiqlari zimmasidan soqit bo‘ladigan holatda bo‘lmaydi.

Oyat va hadislar (nusus)dan, modomiki, biror qat'iy dalil monelik qilmasa, zohiriy mazmun olinaveradi.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:21:18
Zohiriy ma'nolari qolib, «Botin ahli» iddao qilgan yot talqinlarga o‘tib ketish dinsizlikdir. Nususni rad etish esa kufrdir.

Gunohni halol deb bilish kufrdir. Uni yengil deb bilish ham kufrdir.

Shariatni masxara qilish kufrdir.

Kimki Alloh taoloni Unga loyiq bo‘lmagan sifatlar bilan sifatlasa yoki ismlaridan, buyruqlaridan birortasini masxara qilsa yoxud Uning va'dasi yoki va'idini inkor etsa, kofir bo‘lur.

Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lish kufrdir. Shuningdek, Uning azobidan xotirjam bo‘lish ham kufrdir.

Kohin - folbinning g‘ayb to‘g‘risida bergan xabarini tasdiqlash kufrdir.

Yo‘q narsa - narsa emas.

Marhumlar haqqiga qilingan tiriklarning duolari va sadaqa-ehsonlarida ular uchun foyda bor. Alloh taolo duolarni ijobat, hojatlarni ravo qilur.

Payg‘ambarning (s.a.v.) qiyomat alomatlaridan deb bergan xabarlari - Dajjol, Yer maxluqi, Ya'juj va Ma'jujlarning chiqishlari, Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, Quyoshning kun botar tarafdan chiqishi kabilarning barchasi haq va rostdir.

Mujtahidlar gohida xatoga ketib, gohida to‘g‘ri ijtihod qiladilar.

Farishtalarning payg‘ambarlaridan insonlarning payg‘ambarlari afzaldir. Oddiy insonlardan farishtalarning payg‘ambarlari afzal. Oddiy farishtalardan oddiy insonlar afzaldir.

Iloho, aqidamizni O'zingning roziligingga muvofiq ravishda isloh et!

Abdulaziz Mansur tarjimasi
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:23:38
:bs1:

«BAD’UL-AMOLIY» MANZUMASI

Muallifi — Ali ibn Usmon ibn Muhammad ibn Sulaymon Abu Muhammad Sirojiddin al-O’shiy al-Farg‘oniy. «Fatovoyi sirojiya» muallifi. Vafoti - 569 hijriy/1173 milodiy yil.


«BAD’UL-AMOLIY»

Mehribon va rahmli Alpoh nomi ila

1. Banda (muallif) tavhid faniga bag‘ishlab nazmiy uslubda «Amoliy» nomi bilan yozgan asarini shunday deb boshlaydi:

2. Barcha mavjudot va maxluqot ilohi — xojamiz Alloh qadimdir va komil sifatlar bilan tavsif etiluvchidir.

3. U hamisha tirik va barcha ishlarning tadbirkoridir. Shuningdek, U haq, taqdir etuvchi va ulug‘lik egasidir.

4. Bandalarning xayrli va ezgu ishlarining ham, xunuk va yovuz ishlarining ham ro‘yobga chiqishini iroda etuvchidir, lekin yovuzlikni norozilik ila iroda etar.

5. Allohning sifatlari zotining aynan o‘zi ham emas, o‘zidan ajraluvchi g‘ayr ham emasdir.

6. Uning zotiya va fe’liya sifatlarining barchasi qadim bo‘lib, ular zavol topish yoki yo‘q bo‘lib qolish kabi nuqsonlardan xolidir.

7. Allohni narsa deb ataymiz. Lekin boshqa narsalardek deb bilmaymiz. Shuningdek, Uni zot deb ham ataymiz. Lekin Uni olti tomon (o‘ng, chap, old, ort, ust, ost)dan xoli deb bilamiz.

8. Ummatning afzali — Ahli Sunna val-Jamoa ulamolari nazdida Allohning ismi ham Uning O’zini bildiradi. Ya’ni Allohga yoki Uning ismiga ta’zim bajo keltirish yoxud qasam ichish kabilarda deyarli farq yo‘q.

9. Rabbim javhar (modda, yadro) ham, jism ham emas. Butun, ba’z, zimniga oluvchi kabi sifatlardan ham xolidir.

10. Olimlar zehni bilan bilinganki, bo‘linmaydigan eng kichik zarra (atom)ning borligi haqdir, ey, tog‘amning o‘g‘li!
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:24:59
11. Qur’on maxluq (keyin yaratilgan) emas. Balki u qadimdir. Parvardigor kalomi bandalar so‘zining jinsidan buyukdir.

12. Arshning parvardigori Arsh uzradir, deymiz. Lekin unga o‘rnashgan yoki tegib turuvchi demaymiz. Balki ta’zim jihatidan Uni osmonda, tepamizda deb majozan aytishimiz mumkin.

13. Rahmonga biror jihatdan biror narsani o‘xshatish mumkin emas. Ey, turfa musulmon xalqi, bundan saqlaningiz.

14. Jazo beruvchi (Alloh)ga hech qachon vaqt ham, yil ham, zamon ham o‘tmas.

15. Ilohimning ayollar va o‘g‘il-qiz farzandlarga ehtiyoji yo‘qdir.

16. Shuningdek, ulug‘lik va buyuklik egasi Alloh har qanday yordamchi va ko‘makchiga ham muhtoj emasdir.

17. O’z g‘olibligi bilan U barcha xaloyiqni (qiyomat oldidan) o‘ldirib, so‘ngra tiriltirar. Undan keyin ularni qilmishlariga muvofiq jazolar.

18. Ahli xayr, solih bandalarga — jannat bog‘lari va nozu ne’matlar, kofirlarga esa azob-uqubat yetishdan o‘zga chora yo‘qdir.

19. Do‘zax ham, jannat bog‘lari ham foniy emaslar. Ularning ahli, ya’ni mo‘‘minlar va kofirlar ham o‘rin almashuvchi emaslar.

20. Jannatda mo‘‘minlar Allohni ko‘rarlar. Lekin biror kayfiyat, idrok yoki o‘xshashlik bilan emas, balki Allohning o‘ziga loyiq ravishda ko‘rarlar.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:25:44
21. Allohni ko‘rganlarida mo‘‘minlar barcha ne’matlarni unutarlar. Allohni ko‘rish mumkin emas, deydigan mo‘‘tazila ahlining o‘sha kuni ziyon qilishini ko‘ring!

22. Faqatgina bandaning foydasini ko‘zlab ish qilish hidoyat va oliylik egasi bo‘lmish muqaddas zot — Allohning zimmasiga farz emasdir.

23. O’tgan payg‘ambarlar va ne’matga erishgan ulug‘ farishtalarni haq deb tasdiq etish zarur farzlardandir.

24. Shuningdek, payg‘ambarlarga oliyqadr, peshvo, hoshimiy, sohibjamol payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) bilan xotima berish, ya’ni ul janobni oxirgi payg‘ambar deb bilish ham zarur farzlardandir.

25. U, so‘zsiz, anbiyolar peshvosi va xalalsiz, asfiyolar (farishtalar va avliyolar) tojidir.

26. Uning shariati hamma vaqt, to qiyomat va rihlat kunigacha boqiydir.

27. Me’roj voqeasi haq va rostdir. U to‘g‘rida oliy xabarlar — hadislar bordir.

28. Payg‘ambarlar qasddan gunoh qilish va vazifadan chetlashish kabi nuqsonlardan xotirjamdirlar.

29. Ayol kishi hargiz payg‘ambar bo‘lmagan. Shuningdek, qul va firibgar ham.

30. Iskandar Zulqarnayn payg‘ambar sifatida tanilgan emas. Shuningdek, Luqmon ham. Bu xususda bahslashishdan hazar qil!
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:26:24
31. Iso (a.s.) albatta dunyoga qayta keladilar va badbaxt, buzg‘unchi Dajjolni halok etadilar.

32. Valiyga shu dunyoda ato etilgan karomatlar bor narsa. Avliyolar Alloh ne’matiga sazovor kishilardir.

33. Avliyo hech qachon payg‘ambarlardan biror nisbatda afzal bo‘lmagan. Balki u payg‘ambar darajasiga yetishi mumkin emas.

34. Abu Bakr Siddiq shaksiz barcha sahobalardan ortiq bo‘lganlar.

35. Umari Foruq Usmon Zunnurayndan ortiq fazilatlarga ega bo‘lganlar.

36. Usmon Zunnurayn haqiqatan jang safida javlon qiluvchi Hazrati Alidan yaxshi (ortiq) bo‘lganlar.

37. Jangari Ali ulardan keyingi barcha musulmonlardan ortiqdirlar.

38. Oishai Siddiqa ba’zi xislatlari bilan Fotimai Zahrodan ortiqlik qilurlar.

39. Muoviyaning o‘g‘li Yazidni, uning o‘limidan so‘ng o‘ta ig‘vogar va shallaqi odamdan boshqalar la’natlamagan.

40. Taqlid qiluvchi (o‘z imoniga dalil keltira olmaydigan kishi)ning imoni ham e’tiborlidir. Bunga nayzadek o‘tkir dalillar bor.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:27:00
41. Aqlli odamdan past-balandliklarni yaratuvchisi — Allohni tanimadim degan uzri qabul qilinmagay.

42. Kishining o‘limi oldidan (kechikib) keltirgan imoni qabul qilinmagay. Zero, u oldinroq itoat etmadi.

43. Savobli va xayrli amallar garchi doimiy farz qilingan bo‘lsa-da, imondan hisoblanmaydi.

44. Zino, qotillik, o‘g‘rilik kabi gunohlar sababidan musulmon odamni kufrga hukm qilinmaydi. Balki u gunohkor sanaladi.

45. Biror ma’lum muddatdan keyin dindan qaytishni niyat qilgan odam haq din (islom)dan darhol chiqib qolur.

46. Ixtiyoriy holatda aytilgan kufr lafzi, o‘zini g‘aflatga solgani va beparvoligi uchun dindan qaytish (murtadlik) hisoblanadi.

47. Mast holatda o‘ylamay aljirab aytgan behuda so‘zlari tufayli kufrga hukm qilinmaydi.

48. Yaratilmagan narsa Allohga ko‘rinuvchi ham emas va u narsa deb ham atalmaydi. Bu barakotli oy hilolidek ilmiy dalillar bilan isbotlangan.

49. Dunyo, balki Allohdan o‘zga butun borliq qadim emas, aksincha, keyin yaratilgandir. Dahriylar da’vo qilgan «modda - asl, dunyo uning mahsuli»,— degan aqida noto‘g‘ridir. Buni shodlik bilan tinglagin.

50. Harom ham xuddi haloldek rizq sanaladi, garchi bu so‘zimni barcha yoqtirmaydigan kishilar yoqtirmasalar ham.
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:28:05
51. Duoga shak yo‘q. Ya’ni tiriklar va o‘liklar haqqiga qilingan duolarning ta’siri kuchlidir. Buni adashgan toifalar rad eturlar.

52. Har bir shaxs Rabbimning tavhidi to‘g‘risida sinov uchun qabrda so‘roqqa tutiladi. Ya’ni Rabbing kim, dining nima, payg‘ambaring kim - kabi savollar berilur.

53. Kofirlar va ba’zi gunohkor mo‘‘minlar yomon fe’llari tufayli azoblashga hukm qilinur.

54. Qiyomat kuni qayta tiriltirilganlaridan so‘ng barcha odamlar Haq taolo huzurida hisobot berurlar. Bas, gunoh ishlardan chetroq yuring.

55. O’sha kuni ba’zilarga nomai a’moli (qilmishlari yozib qo‘yilgan kitobi) o‘ng tarafidan, ba’zilarga orqa tarafidan, ba’zilarga esa chap tarafidan berilur.

56. Qiyomat kuni qilingan amallarning tarozuda tortilishi, Pulsirot nomli qilko‘prikdan o‘tish hech qanday da’vosiz haqdir.

57. Tog‘lardek ulkan gunoh qilib o‘tganlar uchun yaxshi odamlar (Payg‘ambarlar, avliyolar, siddiqlar, shahidlar, solih bandalar) tomonidan shafoat qilinib, gunohlaridan o‘tishni so‘rashlik umid qilinadigan ishdir.

58. Imonli kishi gunohlarining shumligi sababli otashi do‘zaxda boqiy qolmas.

59. Tavhid ilmiga nazm libosini kiydirdim. U badiiy shakl olib, halol sehrga aylandi.

60. U dilni xushxabardek rohatlantiradi va ruhga obi ziloldek hayot baxsh etadi.

61. Uni yodlab, dilga jo etib, chuqur o‘rgansangiz, (haqqa) yetishganlar jamoasiga qo‘shilursiz.

62. Bu bandai ojizni yaxshilik bilan iltijolarda xotirlab, unga doimo yordam ko‘rsating.

63. Shoyad Alloh uni o‘z fazli ila afv etib, oxiratda saodat ato etsa.

64. Men esa toqatim boricha qachondir mening haqqimga yaxshilik bilan duo qiluvchi kishi haqqiga tinmay duo qilmoqdaman.

Abdulaziz Mansur tarjimasi
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:31:38
MUNDARIJA

Abu Mansur al-Moturidiy (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2043&Itemid=96)
Al-Fiqhul akbar. Imomi A'zam Abu Hanifa (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2042&Itemid=96)
Al-Aqidatut-Tahoviya. Imom Tahoviy (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2041&Itemid=96)
Aqoidi Nasafiya. Imom Nasafiy (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2040&Itemid=96)
Bad’ul-amoliy. Sirojiddin al-Farg'oniy  (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=2039&Itemid=96)
Nom: Re: AQOID MATNLARI
Yuborildi: AbdulAziz 22 Dekabr 2008, 05:31:55
Aqoid matnlari

(http://www.ziyouz.com/images/books/aqoid_matnlari.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=283)

Tarjimon: Abdulaziz Mansur
Hajmi: 285 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=283)
Online o'qish (http://islom.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=blogcategory&id=77&Itemid=96)