forum.ziyouz.com

Kutubxona => Jahon adabiyoti => Mavzu boshlandi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:24:15

Nom: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:24:15
CHINGIZ AYTMATOV
MUXTOR SHOXONOV

CHO’QQIDA
QOLGAN
OVCHINING
OHI-ZORI

(Asr adog‘ida aytilgan istig‘for)


«SHARQ» NASHRIYOT-MATBAA KONSERNI
BOSH TAHRIRIYATI
TOSHKENT — 1998 YIL

Tarjimonlar: Nabijon BOQIY, Yoqubjon XO’JAMBERDI
Tarjima  muharriri: Tursunboy ADASHBOYEV

XX asrning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri, yirik jamoat arbobi Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi o‘laroq dunyoga kelgan ushbu kitob insoniyatga cheksiz ishonch va mehr-muhabbat mahsulidir. Inson umrining mohiyati — ma’naviy jasorat, inson esa haytning gultoji.  Foniy dunyoda insonga borib taqaladigan chigal muammolar behisob. Bunday muammolarga har bir kishi duch keladi va har kim o‘zicha javob izlaydi, o‘zicha javob topadi. Abadiyat faqat kelajakmi yoki o‘tmish ham, ushbu damlar ham abadiyatmi?.. Xullas, mualliflar nozik masalalar to‘g‘risida nozik fikr yuritadilar va kitobxonni ham fikrlashga undaydilar: o‘quvchi Chingiz og‘a bilan Muxtor og‘aga hamsuhbat bo‘lib qoladi, sirdosh bo‘lib qoladi.
Do‘stona uchrashuv muborak bo‘lsin, aziz kitobxon!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:26:03
SUHBATDOSHGA TASHNALIK
(Muqaddima)

So‘zni avaylab-asrash kerak. Menga qolsa, So‘z qurumsoqlikni yoqtiradi, derdim. Agar So‘z xuddi kechasiyu kunduzi oqib yotgan suv misoli isrof qilinsa, So‘zning har bir misqoli qadrlanmasa, So‘z tejab-tergab ishlatilmasa, o‘z kuchini yo‘qotadi — jonsiz bo‘lib qoladi. Ibtidoiy jamoa tuzumidan beri yashab kelayotgan qonuniyatga binoan, o‘z so‘zining ustidan chiqmaydigan inson beburd hisoblanadi va unga hech kim ishonmaydi.

Ochilib-yozilib chin ko‘nguldan suhbatlashaylik degani, matematika iborasi bilan aytganda, «kvadrat»da yashamoq ma’nosini anglatadi. Esimda bor, bolalik davrimda ovulimizda istiqomat qiladigan bitta hurmatli oqsoqol: «Mana, endi gaplashadigan odam ham qolmadi», deb tez-tez nolib qo‘yardi. O’sha paytlari rostakamiga yoqamni ushlardim: «Oqsoqol juda injiq-da! Atrofida odamlar tiqilib yotibdi-ku, lekin uning yolg‘iz o‘zi zerikib o‘tiradi-ya!» Keyinchalik anglab yetdim-ki, oqsoqol chin ko‘nguldan ochilib-yozilib gaplashadigan, faqat So‘zning qadrini biladigan yoki ma’nosini tushunadigan suhbatdoshga emas, balki ayni chog‘da tinglashni ham biladigan hamsuhbatga tashna ekan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:27:16
Siz hozir qo‘lingizda ushlab turgan kitobning yaratilishi qiziq bo‘ldi. U Muxtor ikkovimizning suhbatlarimizdan, o‘zaro kashfiyotimizdan bino bo‘ldi. Birimiz qozoqcha, boshqamiz qirg‘izcha (shukrkim, azaliy qardosh tillarda) so‘ylardik. Biz o‘zaro muloqot quvonchini ich-ichimizdan his etib turardik; olis bolalik yillarimda ovulimiz oqsoqoli ham xuddi shunday suhbatlarga tashna edi. Ehtimol, bu badihalarni «magnitofon qarshisidagi sirlashuv» yoki «ohanrabo tasmasidan chiqqan tasodifiy kitob» deb nomlash mumkindir. Suhbatlar mobaynida his-hayajonga berilib ketgan paytlarimiz ham bor. Shundoq bo‘lsada, bemalol suhbat qurib o‘tirgan paytimiz nogohon tug‘ilib qolgan fikr-mulohazalar va so‘zlarni asil holida o‘quvchiga taqdim etishga qaror qildik. Hayotimiz so‘qmoqlarida duch kelganimiz quvonch va musibatlarni yashirib o‘tirmadik. Bular to‘g‘risida faqatgina eng yahin kishilarimiz bilardi, xolos. Mana shu jihati bilan erkin suhbat yozma ijodiy turlardan farq qiladi.

Mavridi kelib qolgan paytda mening suhbatdoshim kimligini o‘quvchiga tanishtirib o‘tsam zarar qilmaydi.

Hayotimda ikkita Muxtorga duch kelganman. Birinchisi — menga otalarcha g‘amxo‘rlik hilgan ustozim, buyuk yozuvchi Muxtor Avezov bo‘lsa, ikkinchisi — shoir, eski do‘stim va sirdoshim Muxtor Shoxonov. Menimcha, Muxtor Shoxonov Osiyodagi ulug‘ shoirlardan biri hisoblanadi. Meni maftun etgan narsa shuki, u qiziquvchan mutafakkir, izlanuvchan inson, Sharq donishmandligi bilan G’arb dunyoqarashini o‘zida mujassamlashtirgan nozik qalb sohibidir. Agar o‘z vatanidan tashqarida shoirni kimdir yaxshi bilmasa, bu uning aybi emas. Ushbu kitob-suhbat yordamida o‘huvchilar ommasi uning serqirra she’riyati bilan yahinroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kezi kelganda yana bir narsa to‘trisida alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topdim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:28:05
Muxtor Shoxonov Qozog‘istonda milliy qahramon darajasida mashhur. Shoir xalq xohish-irodasini ifoda etadigan notiq sifatida minbarga chiqqach shon-shuhratga burkandi. 1986 yilning dekabr oyida qozoq yoshlari mustabid tuzum saltanatiga qarshi ommaviy ravishda bosh ko‘tardilar. Xuddi o‘sha paytlari ro‘y bergan hodisa to‘g‘risidagi har qanday haqqoniy axborot pinhoniy taqibga uchradi. Shaxsiy hayoti xavf ostida qolishini bilib turgan Shoxonov esa shoir va milliy ozodlik harakatining jangchisi sifatida bor ovoz bilan nohaq quvg‘inga uchragan yoshlarni himoya hilib chiqdi, ularga ozodlik berilishini talab etdi.

Bizning suhbatlarimizga qulay imkoniyat tug‘dirgan sabablardan yana biri shulkim, mana, bir necha yildan buyon Muxtor Shoxonov Qozog‘istonning bizdagi, Qirg‘izistondagi elchisi. Bu sohada ham u o‘ziga xos, yorqin shaxs ekanini namoyon qildi. Biz tez-tez uchrashib turamiz; har safar o‘zimizni va zamonimizni teranroq tushunishga urinib ko‘ramiz. Xamkorlikdagi kitobimiz shu tarzda dunyoga keldi. Bu kitobimiz o‘quvchiga ma’qul kelsa ajab emas...

Chingiz AYTMATOV
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:31:19
"œTO’RT ONA"
YOKI
VATANNI TUSHUNISH

Mening vatanim — Shakar ovuli... Manas tog‘lari cho‘qqisidan tomchi-tomchi bo‘lib tushayotgan shiddatli oqim ovulimizga oppoq ko‘pikli, ko‘m-ko‘k daryo qiyofasida kirib keladi. Uning nomi Qurqurov. Daryoning nomi fe’l-atvoriga mos tushgan: guldurab, gumburlab oqadi. Bu daryo atrofidagi tabiatni oziqlantiradi...

Olislardan Shakarning qorasi ko‘zimga chalinishi bilanoq yuragim tipirchilay boshlaydi, nafasim bo‘g‘iladi. Manas otaning muz qoplagan cho‘qqilari quyosh nurida yilt-yilt tovlanib, qarshimda ulug‘vor qomati paydo bo‘lishi bilanoq ich-ichimdan to‘lqinlanib ketaman...


Chingiz Aytmatov

Unutmoq dardidan saqla, xudoyim,
Bolani tuqqandan tashqari yana,
Umrini tuzatib borguvchi doim,
Har siyratda bo‘lar to‘rt ona.
Ota yurt — kindik qon to‘kilgan zamin,   
Ona til — yaratgandan meros bir yorliq,   
Hatto bir tup yovshanda tuyasan ta’min
Milliy odating, buncha chiroylik.
Hasratli zamonlar tilsa-da bag‘ring,
O’zgarmasdir sening asil tarixing.
Quyoshga yetsa-da uchqur xayoling,
Gar unutsang, to‘rt ona kechirmas.
Asramasang, shuldir sening zavoling,
To‘rt onasin asramagan to‘da, xalq emas.
To‘rt ona deb yashash bo‘lsa qarz,
To‘rt ona deb o‘lmoq o‘zi farz.


Muxtor Shoxonov
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:35:21
Shoxonov. Biz xom sut emgan bandalarni aldoqchi taqdir dunyoning qaysi bir burchagiga uloqtirib tashlamasin, bitta joy insonni doimo o‘z bag‘riga chorlayveradi. Bu joyning nomi otayurt deb ataladi. Qaerda bo‘lmaylik, hech bo‘lmasa, xayolan, yer sayyorasi miqyosida uncha katta bo‘lmagan zaminga, qozoqlar va qirg‘izlar, umuman, barcha turkiy xalqlar o‘rtasida mashhur bo‘lgan ibora bilan aytganda, kindik qonimiz to‘kilgan tuproqqa qaytaveramiz. Har bir odam uchun dunyo ostonadan boshlanadi, tug‘ilgan tuproqqa muhabbatdan hayotga qadam qo‘yamiz. To‘g‘ri, yaqin-yaqinlarda ham, Sho‘ro hukm surgan davrlarda biz o‘zimizni shiorga aylanib ketgan qo‘shiq ruhida tarbiyalashga va shunga ishontirishga harakat qilardik. Go‘yo:

Mening makonim — uy ham, ko‘cha ham emas
Mening makonim — Sho‘rolar Ittifoqi»,


edi.
Yer yuzida xayolining bir chetida otayurt timsoli yashamaydigan birorta inson bormikan? U bolalik paytingda sarpoychan sohillarini bearmon kezib chiqqan o‘jar daryo bo‘lishi mumkin... Ko‘pincha daryo yoqasidagi ko‘lmakda vaq-vaq qiladigan baqalarning tovushini sog‘inasan, ba’zan osoyishta ovul tinchligini buzib vovullaydigan it tovushini qo‘msab qolasan...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:36:09
Chike («Chingiz og‘a»ning qisqartma ko‘rinishi. — Tarj.), men Siz bilan vataningizga — Shakar ovuliga birga bordim. Talas vodiysidagi bu joy hozir muxlislaringizning ziyoratgohiga aylanib qolgan. Haqiqatan ham, hayratlanarli darajada go‘zal tog‘li go‘sha ekan.

Biz Shakar ovuliga yaqinlashib borardik. Birdan Sizni hayajon chulg‘ab olganini sezib qoldim; yuz-ko‘zingizdan bag‘oyat to‘lqinlanib ketganingiz yaqqol ko‘rinib turardi. Mashinada Siz bilan yonma-yon o‘tirar ekanman, xayolingizdan nimalar kechayotganini o‘zimcha tusmol qildim: ehtimol, bolalikning, yoshlikning goh g‘amgin, goh shodon manzaralari ko‘z o‘ngingizdan bir-bir o‘tgandir...  Nazarimda,  yo‘limizda uchrayotgan har bir tepalik, har bir nishablik go‘yo: «Sen meni unutmadingmi?» deb so‘rayotganday edi. Yanglishmasam, tug‘ilib o‘sgan ovulingizning tabiati, shu yerlik odamlar ko‘p jihatdan Sizni yozuvchi sifatida shakllanishingizni ta’minlagan bo‘lsa kerak. To‘rt tarafingizni qurshab olgan borliqni teran anglaganingiz va mehr qo‘yganingiz tufayli ijodingiz ana shu dashtu dalalarda kamol topdi. Agar qandaydir yovuz kuch Shakar ovulini qalbingizdan yulib olganda bormi, Siz ham odatdagi o‘rtamiyona yozuvchilardan biriga aylanib qolardingiz.

Daf’atan, Shakar kishini lol qoldiradi: ovulga o‘xshamaydi, nimasi bilandir shaharni eslatadi. Olislardan muhtasham uylar, maktab, klub, do‘kon ko‘zga tashlanadi. Aholining ko‘pchiligi istiqbolimizga peshvoz chiqdilar: har bir kishi Siz bilan ko‘rishishga, salom-alik qilishga urinardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:37:24
Aytmatov. Darhaqiqat, inson tug‘ilib o‘sgan otayurtda taqdirga dastlab poydevor qo‘yiladi. Muhimi— otayurtdan olgan va yuqtirgan narsalarni qalb qo‘ri bilan ilitib, xuddi bol to‘playotgan asalari misoli yurakka joylab olishing kerak.

Esimda, bolalik paytlarim kattaroq yig‘ilish bo‘lib qolsa, oqsoqollar o‘yinqaroq bolalarning g‘ururini qo‘zg‘atish uchun:
— Hoy shumtakalar, qani, kim to‘xtamasdan yetti ota-bobosining nomini aytib beradi? — derdilar.

Bolalar birpasda jiddiy tortib qolishar va navbati bilan har biri ota-bobosining nomlarini sanay boshlar edilar. Xudo ko‘rsatmasin, agar birorta boboning nomi esingdan chiqib qolsa bormi... Keyinchalik tushundimki, chollarning ilmoqli savollarida teran ma’no bor ekan. Shu yo‘sinda murg‘ak qalbimizga avlod-ajdod va qon-qardoshlik tushunchalari singdirib borilardi, bizni uzoq-yaqin qarindoshlarimizni farqlashga o‘rgatishardi. Bolalik paytimdayoq yoddan bilardimki, men Shakar urug‘idanman, mening otam To‘raqul, To‘raqulning otasi Aytmat, Aytmatning otasi Kimbildi, Kimbildining otasi Qonchujoq... Aytmat bobom qo‘li gul usta edi: ham duradgor, ham temirchi, ustiga-ustak,  chevar  edi.  Qolaversa,  durustgina baxshi ham edi. Uning beshta farzandi bo‘lgan:  Oyimqul,  Qoraqiz,  Guloyim ismli qizlari va To‘raqul,  Risqulbek  ismli o‘g‘illari bor edi.

Ovul tirik mavjudot kabi o‘zining abadiy qonunlari bilan yashaydi. O’shalardan eng muhimlari — keksalarga hurmat va yetti ota-boboni bilishdir. Lekin, yana bir narsani esdan chiqarmaslik lozim: kelajakda o‘zing ham yetti ota-bobo qatoridan joy olasan. Xo‘sh, ajdodlar seni yaxshi so‘zlar bilan eslaydilarmi yoki aksinchami? Aytaylik, kimdir ot o‘g‘risining nevarasi bo‘lsin. Unga hech kim havas qilmasa kerak...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:38:12
Biz ana shunday xalq falsafasi ruhida tarbiyalandik. Men hozir ham «etti otani bilish kerak» degan udumni e’zozlayman. Aytmoqchi, yettinchi avlodgacha bo‘lgan qarindosh-urug‘larning qoni bir xil tarkibda ekanini tabobat ilmi isbotlab bergan. Agar o‘z avlodini yaxshi bilmaydigan yigit qondoshi bo‘lmish qizga uylanib qo‘ysa, ajdodi buzilib ketishi mumkin. Shunday qilib, mol boqib, matal to‘qib yurgan donishmand chollarimiz mohiyatga yetib borganlar...

Masalan, aytaylik, nima uchun baquvvat, g‘ayratli kishilar Amerikaga ko‘chib boradilar? Jamoatchilik tan olgan haqiqatga ko‘ra, yangi kashf etilgan quruqlikka har xil elat vakillari ko‘chib borganlar. Ular o‘zaro va mahalliy xalq bilan qardosh bo‘lib ketadilar, qonlari aralashadi. Natijada qoni yangilangan elat paydo bo‘ladi. Shu bois ko‘chmanchilar o‘zlari yashagan avvalgi joylarini «Ko‘hna dunyo» deb ataydilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:39:49
Shoxonov. Bir kuni Jambul viloyatidan kelgan yigit kaminani izlab topdi. Ma’lum bo‘lishicha, Olmaotadagi institutlarning birida ukasi tahsil ko‘rar ekan.
— Qarindoshimizning bitta qizi bor. Ukam ikkovi bir-birini sevib qolishibdi. «Shu qizga uylanaman, vassalom! Agar to‘sqinlik qilsalaring bormi, o‘zimni o‘zim o‘ldiraman!» deyapti ukam. Hech kimning gapiga quloq solmayapti. Biz yaxshilikcha uni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldik. Yalinib-yolvordik, do‘q-po‘pisa qildik. Lekin, foydasi bo‘lmadi. Nihoyat, maslahatni bir joyga qo‘yib, Sizga murojaat qilishga kelishdik. Agar ukam endi birovning gapiga yuradigan bo‘lsa, faqat Sizning sazangizni o‘ldirmaydi. Chunki, she’rlaringizni, dostonlaringizni yoddan biladi, chin muxlisingiz. O’tinib so‘raymiz, ukamni bu yo‘ldan qaytarib bering yoki unga ikki qator xat yozib bering. Boshqa ilojimiz qolmadi, — dedi yigit xo‘rsinib.

Bu voqeani eshitib boshim qotib qoldi. Unday qilsam arava sinadi, bunday qilsam — ho‘kiz o‘ladi. Bir tomondan qaralsa, shubhasiz, yoshlar bir-biriga chinakam mehr qo‘yganlar. Boshqa tarafdan qaralsa, eskilardan qolgan gap bor: yetti avlodgacha qarindosh bo‘lgan birodarlar bir-biri bilan quda-anda bo‘lmasligi kerak. Ularni ajratib, muhabbat deb atalmish buyuk tuyg‘udan benasib etish mumkin. Keyin, kim biladi deysiz, umrbod pushmon qilib o‘tsalar-chi? Sir emas, asil muhabbatga kishi umrida bir bora duch keladi. Xullas, tasodifiy mehmonimga qanday javob qaytarishni ham bilmay qoldim.

O’ylab-o‘ylab, axiyri bunday dedim:
— Hozir ukangiz birinchi kursda o‘qir ekan. Uqishini tugatguncha uylanmay tursin. O’tgan yillar mobaynida shashtidan qaytmasa, bunga hech ajablanmaslik kerak. Lekin, ko‘pincha yigitlar o‘tkinchi havasni muhabbat deb biladilar. Agar oradan to‘rt-besh yil o‘tgandan keyin ham ular shashtidan tushmasa, demak, bu chin muhabbat bo‘ladi. Nachora, so‘ng ular bir umr birga bo‘lishlari kerak.   
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:40:57
To‘g‘ri, mening maslahatim Sulaymon payg‘ambarning nasihatlariga o‘xshamasdi. Biroq, o‘sha paytda boshqa yo‘l topolmadim.

Chike, 1969 yili Moskvada bo‘lib o‘tgan yosh yozuvchilarning uchinchi Butunittifoq kengashi esingizdami? Biz yoshlar uchun u paytlar Sizdek mashhur ustoz bilan hamsuhbat bo‘lish juda katta gap edi. Men Siz bilan shaxsan tanish emasdim. Lekin, Siz qirg‘iz bo‘lganingiz uchun xuddi og‘am kabi o‘zimga yaqin olib, yoningizga borib gaplashmoqchi bo‘ldim. Yosh yukagir yozuvchisi Semyon Kurilovni Sizga tanishtirdim. SSSR Yozuvchilari uyushmasining raisi Konstantin Fedin o‘z nutqida S. Kurilovning «Xanido va Xalerxa» romanini ham tilga olib o‘tgan edi. Kengashning boshqa qatnashchilari ham Kurilov ijodini yuksak baholaydilar. Keyinchalik, «Jalin» nashriyotining direktori Kaldarbek Naymanboevning ko‘magida o‘sha roman qozoq tilida nashr etildi. Uni taniqli jurnalist Minboy Ilyosov tarjima qilgan. Afsuski, ochiq ko‘ngil, iqtidorli Semyon juda erta vafot etib ketdi...

Kurilovning romani yukagir elatining o‘ziga xos solnomasi edi. O’sha yillari yukagirlar, yanglishmasam, bor-yo‘g‘i 608 nafar edi, xolos. Nafsilambirini aytganda,   yukagirlar  ham  va  boshqa  kam  sonli  Shimol xalqlari ham o‘z xotinlarini mehmonga qo‘shib qo‘yishar ekan. Urf-odat shunaqa ekan...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:41:58
Aytmatov. Shunaqa gapni eshitganman. Albatta, bunday gaplar kishini dovdiratib qo‘yadi. Yovvoyilikka o‘xshaydi.

Shoxonov. Bizga yovvoyiliqday ko‘rinadi. Lekin, tundra va tayga uchun bu ko‘ngilochar ermak emas, buzuqchilik ham emas. Barmoq bilan sanarli miqdorda vakili qolgan kichik elat, ehtimol, xuddi shu yo‘sinda qonini yangilamoqchi bo‘ladi, yashamoqchi bo‘ladi. Sir emas, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh natijasida mayib-majruh farzandlar bino bo‘ladi va oxir-oqibatda xalq qirilib bitadi. Ota-bobolarimizning tajribalari natijasida qaror topgan «etti ota» udumi bizning ongimizga buzib bo‘lmaydigan odob-axloq sifatida singib ketgan.

Yana bir misolni ko‘raylik: agar kelinchak ro‘parasidan kelayotgan qariyani ko‘rib qolsa, aslo yo‘lni kesib o‘tmaydi, balki to qariya o‘tib ketguncha egilib ta’zim qilib turadi. Qolaversa, kelinchak kuyovining qarindosh-urug‘larini ismini aytib chaqirmaydi. Ichki madaniyat, nazokat shunday bo‘lmaydimi?!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:42:56
Aytmatov. Ayni paytda hazil-mutoyiba ham chetlab o‘tilmaydi. Bizning ovulimizda kuyovning og‘a-inilari uchun hech kutilmagan nomlarni o‘ylab topardilar. Ba’zan mashg‘ulotiga qarab nom qo‘yardilar. Masalan, tegirmonchini «Tegirmontosh og‘a» deyishardi; naynov yigitni esa «Tunduk bosh» — «boshi minoraga yetadigan yigit» deyishardi. Bizning Shakarda nimjongina, paxmoq soch kishi bo‘lardi. Kelinchaklar uni ko‘rib qolsalar: «Qarg‘a kelyapti», deyishardi pichirlashib. Ovulda har kim o‘z maqomiga yarasha nom qozongan edi.

Shoxonov. Shu munosabat bilan xalq orasida bitta rivoyat yuradi. Daryoning narigi qirg‘og‘ida, qamishzorda bitta bo‘ri qo‘zichoqqa tashlanib qoladi. Shu payt kelinchak ko‘za ko‘tarib suv olgani kelib, bo‘rini hurkitib yuboradi. Chalajon holatda tipirchilab yotgan qo‘zichoqqa ko‘zi tushgan kelinchak yonidan pichoq chiqarib, uni qayroqtoshda qayrab qo‘zichoqning kekirdagini uzib tashlaydi va jon talvasasidan qutqaradi. Uyga qaytgan kelinchak daryo yoqasida ro‘y bergan voqeani gapirib bermoqchi bo‘ladi-yu, birdan qaynog‘alarining nomlari esiga tushib qoladi: O’zanboy, Qamishboy, Qo‘ychiboy, Qashqirboy, Kezdikboy (kezdik — pichoq), Qayroqboy. Ularning nomini tilga olsa, odobsizlik qilgan bo‘ladi. Nima qilmoq kerak? Kelinchak o‘ylab-o‘ylab shunday deydi: «Jildiroqning yoqasida, shovulloqning orasida uvlovuq ba’rovuqqa tashlanib qoldi. Men yonimdan kesadiganimni chiqarib, uni o‘tkirlagichga ishqalab, so‘ng kekirdagini uzib tashladim».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:43:52
Hammasi «sahro akademiyasi»dan boshlangan. Qadimiy ko‘chmanchilar madaniyati unda mujassamlashgan edi. Misol uchun, kimdir uy qurmoqchi bo‘lsa, atrofda yashaydigan kishilar odat bo‘yicha «hashar»ga kelardilar. Ziyofat ham, ma’raka ham ovul aholisi uchun ko‘pga kelgan to‘y hisoblanadi. Bunday paytda kishi o‘zini chetga tortsa, uyat bo‘ladi.

Ishoq ismli tog‘am bo‘lardi. Beozor kishi edi, hech kimga ziyoni tegmasdi. Agar u ot minib ketayotgan bo‘lsa-yu, yo‘lda tosh yotganini ko‘rib qolsa, darhol otdan tushib toshni bir chekkaga uloqtirib yuborardi.

Uning xatti-harakatini kuzatib turgan bekorchixo‘jalarga: «Birov toshga qoqinib ketmasin», deb izoh berardi. Bahor chog‘lari Bodom daryosi toshib, ovul o‘rtasidagi yagona ko‘prikni suv yuvib ketardi. Ovul ikkiga bo‘linib, ikki qirg‘oqda yashaydigan aholi o‘rtasida aloqa uzilib qolardi. Tog‘am otiga minib, bemalol daryoning narigi sohiliga suzib o‘tardi. Gap bunda emasdi. Ishoq tog‘am hech qanday gap-so‘zsiz o‘z bog‘iga boradi va teraklarini kesadi, so‘ng birovdan ko‘mak so‘ramasdan, yolg‘iz o‘zi ko‘prik qurishga kirishadi. Uning kuyib-pishib ishlayotganini ko‘rgan ovuldoshlari o‘zlaridan uyalib, darhol tog‘amga yordam bera boshlaydilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:44:32
Xalq an’analarini ko‘z qorachig‘iday asraydigan tog‘am kuzga borib og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi. O’limi yaqin qolganini bilib, meni huzuriga chorladi.

— Chirog‘im, gap bunday, — dedi xasta tovushda, — ota-bobolarimiz yoniga butunlay ketyapman. Bir narsa to‘g‘risida sen bilan gaplashib olmoqchiman. Chirog‘im, bilaman, shoir bo‘lmoqchisan. Bunday sharafli kasb har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin, o‘z nomiga dog‘ tushirmagan insongina baxtli bo‘ladi. Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar «Omin!» deydilar... Agar yo‘ldan ozib ketsang, yaltiroq yolg‘onlarga mahliyo bo‘lsang, albatta, la’natga yo‘liqasan: so‘zlaringga birov ishonmay qo‘yadi. — Shiftga termilib yotgan ko‘yi birpas sukut saqladi. — Sendan eng oxirgi iltimosim shuki, bilmadim, uni ado etasanmi-yo‘qmi, lekin aroqxo‘rlardan sal uzoqroq yurgin. Majbur qilmayman. Iltimosimni yerda qoldirishing mumkin. Yaxshilib o‘ylab ko‘rgin. Keyin javobingni aytasan. Xudo xohlasa, yana ikki kunlik umrim bor. Shu muddat ichida bir to‘xtamga kelgin. Agar, hozir zamon shunaqa, boshqalardan ajralib yurish xunuk bo‘ladi, deb o‘ylasang, mayli, yolg‘on va’da bermay qo‘ya qol. Men xafa bo‘lmayman.

—Ota, bu borada nimani ham o‘ylash mumkin, — deb e’tiroz bildirdim. — Agar siz shuni istasangiz, bo‘pti, bundan keyin aroq ichmayman.

—Ana endi yaxshi bo‘ldi, aylanayin! Iloyim, baxtli bo‘lgin! — Tog‘amning ko‘zlaridan yosh oqib ketdi. Cho‘pday bo‘lib qolgan barmoqlari bilan qo‘llarimni silab-siypaladi. — Endi bemalol Egamga omonatini topshiraman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:45:52
Tog‘am go‘yo o‘limini oldindan sezganday, roppa-rosa ikki kundan so‘ng bu foniy dunyoni tark etdi.

Onam Umsin Aytboy qizi 85 yoshida, diplomatiya xizmati bilan Qirg‘izistonga kelgan. 1994 yilda qaytish qildi. Siz onamni yaxshi taniysiz. U kishi Sizni uyimizda ko‘p marta kutgan. Onam o‘n uchta farzand ko‘rgan. Lekin, faqat bitta o‘zim tirik qolganman. Onam bilan safarga otlanadigan bo‘lsak, doim qatlama, qazi, qurutni yo‘lga hozirlab qo‘yardi.

Ilgari har xil sabablar bilan Moskvaga tez-tez borib turardik. Shunday paytlarda onam o‘zi taniydigan kishilarga atalgan boyagi taomlarni jomadonimga joylab berardi. Onam o‘qishni ham, yozishni ham bilmasdi. Shunga qaramasdan, Yevgeniy Yevtushenkoni qizg‘in yaxshi ko‘rardi. Ehtimol, o‘g‘lining she’rlarini tarjima qilgani uchun yaxshi ko‘rardi. Balki, boshimga mushkul ish tushgan paytlari yordam qo‘lini cho‘zgani bois mehr qo‘ygandir? Yoki bo‘lmasam, oilamiz atrofidagi kishilar hurmat qilgani sababli yaxshi ko‘rib qolgandir?

- Marhamat, ovuldan keltirilgan tansiq taomlardan tatib ko‘ringlar! Bularni onam berib yubordi! — derdim jomadonimni bo‘shatayotib.

- Sening onang men uchun jamiki qozoq ovullarining timsoliga o‘xshaydi, — degan edi bir gal Yevgeniy Aleksandrovich hazil aralash.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:46:47
   Moskvaga borib yurgan kezlarim Sizning eski qadrdonlaringiz bo‘lmish Rasul Hamzatov va Dovud Qug‘ultinovlar bilan yaqindan tanishdim. U paytlari Oliy Sovet deputatlari «Moskva» mehmonxonasida maxsus ajratilgan xonalarda yashardilar.

   Bir kuni o‘z xonamga kirib, shundoq xolodilnikni ochsam, hech vaqo qolmabdi. Kim o‘z hunarini ko‘rsatib ketganini o‘ylay boshlagan edimki, birdan telefon jiringlab qoldi. Trubkani ko‘tarishim bilanoq Dovud Nikitichning tanish gulduragan tovushi qulog‘imga chalindi. «Dastxatimizni tanidingmi? Yo‘q paytingda Rasul ikkovimiz xonangga kirdik. Menga qara, sen bizni necha marta ovulingga mehmonga chaqirgansan? Mana, endi onang berib yuborgan taomlarni yeb ko‘rganimizdan so‘ng hech kim bizni ovulingda mehmon bo‘lmagan deb ayblay olmaydi».

   Ikkovimiz ham xaholab yubordik. Qalamkash og‘alarim mana shunday beg‘araz hazil-mutoyibaga usta edilar.

   Onam pensiya puliga qog‘ozli qandlar, pechene xarid qilardi. Cho‘ntaklarida har doim shirinliklar bo‘lardi. Onam ostona hatlab ko‘chaga chiqishi bilanoq qo‘shnilarimizning bolalari atrofini qurshab olishardi, quvonib ketishardi. Onam navbati bilan hammaga shirinlik ulashib chiqar edi. Bu ishidan bag‘oyat mamnun bo‘lardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:48:04
   ...Kunlarning birida Gurev (hozirgi Atirov) viloyatiga safar qildim. U yerda Ravil Cherdaboev bilan tanishdim. Keyinchalik biz qalin do‘st bo‘lib ketdik. Birinchi marta o‘shanda Maxambet O’temisovning fojiali taqdiri to‘g‘risidagi hikoyani eshitdim. So‘ng eshitganlarim asosida kichikroq doston yozdim. Safarim oxirlayotgan kunlari Baliqchi tumanida menga «Faxriy baliqchi» degan unvon berishdi. Bu yerda taomilga aylangan odat bo‘yicha kaminaga 60-70 kilogramm keladigan baliq sovg‘a qildilar. Baliqning o‘ziga xos xususiyati shunda ediki, og‘irligining to‘rtdan bir qismini qora uvildiriq (ikra) tashkil etardi.

   Mehmondo‘st ovul ahli meni to tayyoragohgacha kuzatib bordilar.
   Samolyotga o‘tirdim. Baliqchi tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi O’rinbosar Yerkinov ham samolyotga chiqib bordi va semiz jomadonni yonimga qo‘ydida:
   —   Tushayotganingizda esingizdan chiqmasin, — dedi.
   —   Bu nima? — deb so‘radim hayron bo‘lib.
   —   Boya sizga sovg‘a qilingan baliqning uvildirig‘i.

   U paytlari o‘n besh-yigirma kilogramm uvildiriq rasmana boylik hisoblanardi.
   Un kunlardan so‘ng onam Chimkentga yo‘l oldi. Oradan biroz fursat o‘tib, xotinim xolodilnikni ochib qoldi: qora uvildiriq katta kosaning ostidagina qolgan edi, xolos.
—Yana hotamtoyliging tutib, birovga berib yuborgansan! — deb dashnom berdi xotinim.
—Qo‘ysangchi, men xolodilnikka yaqin yo‘laganim yo‘q-ku!
   Uydagilar xiyla besaramjon bo‘lib qoldilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:49:13
   Oradan ancha-muncha vaqt o‘tgach, qora uvildiriqning yo‘qolish siri fosh bo‘ldi. Bir kuni oqshom chog‘i ishdan qaytib kelayotsam, uyimizning oldida qo‘shnimiz — rus kampir kutib turgan ekan.

—Muxtor, senga katta rahmat! Voy, sovg‘angni olib shunaqayam suyundik, asti qo‘yaverasan! Axir, juda qimmat turadi. Biz nafaqaxo‘rlar unaqa narsalarni xarid qilolmaymiz. Agar tejab-tergab ishlatsak, yarim yilga bemalol yetadi.

   Kampir yana hamd-sano o‘qiy boshladi.
   Dastlab, gap nima haqda ekanini sira tushunmadim. Oxiri:
   —   Nimalar deyapsiz? — deb so‘radim.
   —   E-e, onangizdan berib yuborganingiz bir tovoq qora uvildiriq to‘g‘risida gapiryapman-da!

   Keyin bir hafta mobaynida boshqa qo‘shnilarimizdan ham minnatdorlik so‘zlarini eshitdim.

   Ma’lum bo‘lishicha, onam uvildiriqni qo‘shnilarimizga tovoqlab ulashib chiqqan ekan. Albatta, jon qo‘shnilarga ko‘proq beribdi.

   Onam safardan qaytib kelgach, endi o‘pkalay boshlagan edik, u kishi kulumsirab:
   — Axir, qo‘shning tinch — sen tinch, deb bekorga aytmaydilar. Agar o‘z vaqtida ulashib bermaganimda bormi, baribir aynib qolardi, — dedi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:50:10
   Onam shaharda biz bilan ko‘p yillar yashagan bo‘lsa-da, lekin aslo o‘z bilganidan qolmadi. Bu yerda begona odamga salom bermaydilar, hatto devordarmiyon qo‘shning bo‘lsa ham, chaqirilmagan joyga mehmonga bormaydilar. Onam esa bularning hammasiga zid o‘laroq, ovul urf-odatlariga amal qilardi: qo‘li ochiq edi, mehribon edi...

   Chike, keling, endi ilgari boshlab qo‘yganimiz mavzuta qaytamiz. Shakar ovulida otangiz To‘raqul Aytmatov nomida o‘rta maktab bor. Maktabga kiraverishda ajoyib yodgorlik turibdi. Uning muallifi — mamlakatingizda mashhur bo‘lgan haykaltarosh Turg‘unboy Sodiqov. 30-yillardagi ziyolilarning fojiali taqdiri shu joyda ham mujassam. Otangiz Qirg‘izistonda atoqli davlat arbobi edi. U nohaq repressiyaga uchragan, qatl etilgan.

   Aytmatov. Ha, mudhish davr edi. Otam Mogkvadagi Qizil Poofessorlar institutida o‘qigan. Oilamiz onam Nagima Xamzaevna bilan yotoqxonada yashardik. Men to‘rt farzand ichida eng kattasi — to‘qqiz yashar edim, kenja singlim Roza endi olti oylik bo‘lgan edi.

   1937 yilning avgust-sentyabr oylarida «Pravda» gazetasida ikkita maqola e’lon qilindi: «Burjuy millatchilari» va «Qirg‘iziston VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining siyosiy xatolari». Mana shu maqolalarning kasofati tufayli respublikamiz rahbarlari birin-ketin qora ro‘yxatga tusha boshladilar. Ko‘pchilik qatori otamning nomi ham tilga olingan edi. Boshida qora bulut quyuqlashayotganini bilgach, u onamga: «Bolalar bilan uyga qaytgin. Agar meni hibsga olishsa, «xalq dushmani»ning xotini sifatida senga ham tinchlik berishmaydi. Yetim bo‘lib qolgan bolalarimizni bolalar uyiga jo‘natishadi. Ustiga ustak, familiyasini ham o‘zgartirib qo‘yishadi. Meni millatchilikda ayblashyapti. Bu qip-qizil bo‘hton. Omon bo‘lsam, o‘zim xat yozaman». Otam bizni Qozon vokzaliga kuzatib qo‘ydi. So‘ng poezdimizga ergashib, madori qurib qolguncha yugurib bordi va qo‘llarini silkitib xayrlashdi. Ehtimol, bizni oxirgi marta ko‘rayotganini ko‘nglidan o‘tkazgandir, aziz kishilaridan — bolalaridan, xotinidan bir umrga ajrashayotganini ich-ichidan sezgandir?!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:51:10
   Poezdda yetti kechayu yetti kunduz yo‘l yurdik. Orenburg, Saratov, Qozog‘istonning bepoyon sahrolari ortimizda qoldi. Nihoyat, yarim kechasi Maymoq stantsiyasida poezddan tushdik. Atrofni zulmat qoplagan o‘sha tun, o‘sha qo‘rquv xotiramga bir umr muhrlanib qoldi. Ertasi kuni tog‘am Suvonbekning aravasiga ko‘ch-ko‘ronimizni ortib, Shakardagi Alimqulning hovlisiga o‘lar holatda yetib oldik.

   Moskva pochtasining blankasiga qistanib yozilgan otamning eng oxirgi maktubi hozirgacha saqlanib qolgan. Uning har bir jumlasidan hadik-xavotir sezilib turadi: «bugun bo‘lmasa, ertaga hibsga oladilar». U onamga bolalarni ko‘z qorachigiday avaylab-asragin deb, qayta-qayta tayinlagan, boz ustiga, mening vijdonim toza, hech qanday aybim yuq deb qasam ichgan edi. Afsuski, u paytlari bunaqa qasamlarning sariq chaqachalik qimmati yo‘q edi.

   Otamni 1 dekabr kuni Moskvada hibsga oladilar va tez kunlarda Frunzega keltirishib, qamoqxonaga tiqadilar.

   «Xalq dushmani»ning oilasi tamg‘asi bilan ovulimizga qaytib borganimizdan so‘ng ko‘pchilik bizdan o‘zini chetga tortdi. O’sha zamonlarda biz odamlardan xafa bo‘lmasdik. Boz ustiga, bizga boshpana bergan qarindoshlarimizdan bag‘oyat minnatdor edik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:51:45
   Repressiya qarindoshlarimizni ham chetlab o‘tmadi.
   Bobomiz Aytmat bilan Birimqul tug‘ishgan og‘a-ini edilar. Birimqulning uchta o‘g‘li bor edi: Alimqul, O’zibek, Kerimbek. Alimqul mening otamdan bir necha yosh katta edi. U Shakar qishloq sovetining raisi lavozimida ishlardi. Xullas,  Shakarga kelganimizga bir oy bo‘lgach, Alimqulni ham «xalq dushmani»ning og‘asi sifatida hibsga oldilar. Taqdir taqozosi bilan ko‘pincha bir musibat ikkinchi musibatni ergashtirib keladi: Alimquldan so‘ng uning militsioner bo‘lib ishlaydigan ukasi O’zibek ham «xalq dushmani»ning qarindoshi sifatida qamoqxonaga ravona bo‘ldi.

   Biz Moskvadan qaytib kelishimiz bilanoq otamning ukasi Risqulbekni pedagogika bilim yurtidan haydab yubordilar. U xolamiz Qoraqiz ejaning uyida yashay boshladi.

   Kunlarning birida men bomdod mahali uyg‘onib ketdim. Qarasam, Qoraqiz ejam bilan onam yum-yum yig‘lab o‘tirishibdi. Yig‘layverib ko‘zlari shishib ketgandi. Ma’lum bo‘lishicha, yarim kechasi Risqulbekni ham qamoqqa olib ketishgan ekan. Shunday qilib, qisqa fursat ichida bizning urug‘-aymog‘imiz to‘rt erkakdan mahrum bo‘ldi. Faqat xotinlaru bolalar qolishdi, xolos.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:52:36
   Shoxonov. Ha-a, u zamonlar to‘g‘risidagi hikoyalarni  eshitib o‘tirib,  beixtiyor  «xalq dushmani»  fosh etilmagan birorta ham ovul qolmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan.   Ba’zi  kishilarni  mutlaqo  kurakda  turmaydigan bo‘hton bilan hibsga olishib, shu bo‘hton tufayli aybdor deb topishib, otib o‘ldirganlar, qamoqxonaga tiqib qo‘yganlar yoki uzoq muddatga surgun qilganlar. Tanish adabiyotshunos, ijodingizni puxta tadqiq etgan mashhur akademik Rustan Rahmonalievning otasini qanday qilib hibsga olishganini bilasizmi?

   Aytmatov. Yo‘q, bilmayman.     
   Shoxonov.  Kimdir  Rustanning  otasiga  chekishni taklif qiladi. U qo‘liga tutqazilgan gazeta parchasiga tamakini o‘raydi-da, huzur qilib tutun simiradi. Shu payt xuddi osmondan tushganday bitta notanish kimsa paydo bo‘ladiyu Rustanning otasidan chekayotgan tamakini to‘kib,  o‘ram  qog‘oz  parchasini  ko‘rsatishni talab etadi. Qog‘ozni ochib qarashsa, yarim kuyib ketgan gazeta parchasida  Stalin portreti bo‘ladi.  Ko‘ryapsizmi, qanday qilib tuzoq qo‘yilardi?
   Kechirasiz, boyagi hikoyani davom ettiravering.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:53:35
   Aytmatov. Shunday qilib, Alimqul qamoqda vafot etadi. O’zibek,  dastlab,  Oqtuzdagi qo‘rg‘oshin konida ishlayapman, deb xat yozib yuboradi. Urush yillarida undan xat-xabar kelmay qo‘ydi. Butun boshli inson yo‘q bo‘lib ketaverdi...

   Ovul chegarasida ot mingan pochtalon ko‘rinishi bilanoq biz ko‘zimiz qinidan chiqquday bir alfozda unga termilardik: balki, otamizdan yoki uning og‘a-inilaridan xat keltirgandir? Pochtalon o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolardi. U shoshib-pishib, tezroq yonimizdan o‘tib ketishga harakat qilardi.

   Bir gal Risqulbekdan xat keldi. Xat qirg‘iz tilida yozilgan edi. Shu sababdan tsenzura qilinmagan bo‘lsa kerak.

   Onam tovushini chiqarib xatni o‘qib berdi. Xatida u har birimizni so‘rab-surishtirgan, sog‘ligimizdan xavotirlangan, ayniqsa, og‘asi To‘raqulning taqdiridan ko‘p qayg‘urgan edi. O’zi to‘g‘risida: «Bizni Manchjuriya chegarasiga yaqin joylarga temir yo‘l qurilishiga jo‘natdilar. Juda sovuq. Mening ikki buyragim ham shamollab qoldi. Bu yerda har bir kishiga norma berishadi. Agar normani bajarmasang, ovqatdan mahrum qiladilar. Og‘ir yuk ko‘tarishim bilan buyraklarim sirqirab og‘riy boshlaydi. Kasaldan va qornim to‘yib ovqat yemayotganimdan yarimjon bo‘lib qoldim. O’zlaring ham bilib turibsizlar. Norasida bolalar kamayib boryapti... Agar qurbingiz yetsa, menga yarim pud talqon jo‘natinglar. Shunda yana besh-olti oy yashashim mumkin...», deb yozgan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:54:31
   Risqulbekning og‘ir ahvoli yurak-bag‘rimizni qon qilib yubordi. Onam bilan Qoraqiz ammam to‘xtovsiz bug‘doy qovurib, talqon hozirlashga kirishdilar. Tong otar-otmas onam talqon solingan qopni yelkasiga ortib, rayon markazidagi pochtaxonaga yo‘l oldi...

   Risqulbek qarindoshlari jo‘natgan o‘sha talqonni olgan-olmagani noma’lum. Bizga hech qanday javob kelmadi. Shu tariqa, musofir yurtlarda yo‘q bo‘lib ketdi.

   Biz Shakarda otamning singlisi Qoraqiz ejam bilan uning eri — Do‘stali jezdamizning uyida yashayverdik. Ularning ikki xonadan iborat uylari katta ariq yoqasida joylashgan edi. Bir xonada ular yashardi, ikkinchi xonada biz yashardik. Do‘stali jezdam mehribon, qo‘li ochiq inson edi. Boz ustiga, u tug‘ma ovchi edi. Otni egarlab, yelkasiga miltig‘ini tashlab, ikkita tozi itini ergashtirib toqqa ovga ketardi. Uyiga ayiq, bo‘ri, silovsin terilari osib qo‘yilgan edi. Agar ov baroridan kelgan bo‘lsa, Qoraqiz ammamdan boshlab hammamizni nomma-nom chaqirib kelaverardi.

   U ham bolaligimdan qolgan yorqin xotiralarimdan biridir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:55:40
   Shoxonov. Xeminguey: «Buyuk yozuvchi bo‘lish uchun iste’dod, bilim kerak va baxtsiz bolalikni boshdan kechirish lozim», degan edi. Ajabki, bolalik paytingizda Siz yozuvchi bo‘lishni orzu qilmagansiz. Siz mashina haydashni orzu qilardingiz. Yanglishmasam, bu haqda «Leninchil jash» gazetasining muxbiri Rayqon Shukurbekovga (u keyinchalik taniqli yozuvchi, dramaturg bo‘lib ketdi) gapirib bergan ekansiz. O’sha suhbat 1935 yilning 5 iyun kuni gazetada e’lon qilinadi. Eski gazetani Sharshen Usubaliev Toshkentdagi arxividan topib beradi. Abdullajon Akmataliev esa uni o‘z kitobida e’lon qiladi.

   O’sha suhbatning bir  parchasi quyidagicha ekan:
   «Chingiz bu yil yetti yoshga to‘ldi.
   U o‘zining yosh do‘stlari orasida doim ozodaligi va tirishqoqligi bilan ajralib turadi. Uyida mustaqil mutolaa qiladi, yolg‘iz o‘zi o‘ynab yuradi. O’zini o‘zi eplaydi. Biz Chingiz bilan bir soatdan mo‘lroq suhbatlashdik. U emin-erkin gaplashadi, tutilmasdan javob qaytaradi.
- Kim bo‘lmoqchisan?
- Shofyor bo‘lmoqchiman.
- Otang qaerda?
- Moskvada.
- U yerda nima qilyapti?
   —   O’qiyapti. Xonamdagi bolalar burchagini otam tuzib bergan. Otam bilan onam menga doim ta’lim-tarbiya berishadi. Men ularning gaplaridan chiqmayman.
   Katta bo‘lsam, shofyor bo‘lishga o‘zim qaror qildim.
   —   Qanaqa o‘yinchoqlaring bor?
   —   Hamma o‘yinchog‘im bor. Faqat bitta mashina yetmay turibdi. Otam olib beraman deb, va’da bergan. Tez kunlarda olib beradi».

   Bu suhbat «Chingiz shofyor bo‘lmoqchi» degan sarlavha  ostida  e’lon  qilinadi.   Muallif  o‘z  nomidan: «Shak-shubha yo‘qki, Chingizning shofyor bo‘lish borasidagi orzusi albatta ro‘yobga chiqadi», deb ilova qilgan ekan. U paytlari avtomobil chambaragini ushlashni orzu qilgan bolakay dunyoga mashhur yozuvchi bo‘lib ketishini muxbir bilmasdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:56:36
   Aytmatov. U zamonlarda mashina juda kam edi. Biz shirin xayolimizda mashina haydab yurardik. Faqat o‘zim emas, barcha tengqurlarim shofyor bo‘lishni orzu qilardilar.

   Otam qamoqqa olingach, ovulimizda uning nomini aytishdan qo‘rqishardi. Faqat onam bilan Qoraqiz ejamgina otam to‘g‘risidagi yorqin xotiralarni bolalar qalbiga muhrlashdan aslo cho‘chimadilar. Yolg‘iz qolgan paytlarimizda onam yashirincha otamning suratlarini, hujjatlarini, nishonlarini ko‘rsatardi. Hammasidan ham otamning familiyasi yozilgan shtamp bizni ko‘proq hayratga solardi. Shtampga siyoh surtib, uni qog‘ozga bosib ko‘rsak lotin imlosida yozilgan «Aytmatov T.» paydo bo‘lardi.

   Qoraqiz ejam savodsiz bo‘lsa-da, lekin donishmand ayol edi. U bir umr otam xotirasini muqaddas saqladi. 1964 yili og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi. O’limi arafasida bizni huzuriga chorlab:
   —   Men to‘rtovingdan ham roziman. Eh, otalaring yoshlik paytida qurbon bo‘lib ketdi! Agar u yuksak martaba egasi bo‘lmaganda, ko‘p qatori ovulda yashab yurganda bormi, tirik qolardi, — dediyu yig‘lab yubordi.

   Dastlab, rasmiy idoradan bizga yolg‘on ma’lumotnoma jo‘natishdi: «10 yil muddat bilan qamaldi, xat yozish huquqidan mahrum etildi». Bizni intizor etib qo‘ygan so‘ngsiz yillar boshlandi. Har bir kunni sanab yurardik, yo‘llardan ko‘zimizni uzmasdik, umid bilan yashardik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:57:26
   Bir marta otam to‘g‘risida bo‘layotgan oshkora suhbatning guvohi bo‘lganman. Uyimizga o‘g‘lining qo‘lidan ushlab yuradigan bitta ko‘r odam tashrif buyurdi. Esimda, onamga shunday degan edi:
   —   Meni ham To‘raqul bilan birga qamoqqa olishdi. Biz bitta kamerada o‘tirdik. Dunyoda bor azob-uqubatlarni boshimizdan kechirdik. Ko‘r bo‘lib qolganimdan so‘ng meni ozod qilib yuborishdi. To‘raqul tirik. Baribir adolat tantana qiladi, umidingni uzmagin, Nagima.

   Onam NKVD idorasiga xat ketidan xat jo‘nataverdi, lekin biror tayinli javob ololmadi. Umid bilan un yil ham o‘tdi.

   Shoxonov. Yaqinda biz singlingiz Roza xonim bilan juda uzoq chin dildan suhbatlashdik. U kishi quyidagilarni gapirib berdi:
   «Chingiz institutda «a’lo»ga o‘qirdi. Uni aspiranturaga qoldirishmoqchi edi. Lekin, birdan ustidan xat tushadi: «xalq dushmani»ning o‘g‘li nima uchun Stalin stipendiyasi olyapti?» Shunday qilib, u stipendiyadan ham, aspiranturadan ham mahrum bo‘ldi. Biroq, aslo taslim bo‘lmadi: dam olish kunlari temir yo‘lga borib, hammollik qildi — vagonlardan ko‘mir, o‘tin tushiradi. Choychaqa ishlab kelardi. Halol peshona teri bilan ishlab topgan pullarini sarflamasdan yig‘ib qo‘yardi; yozda ovulga ta’tilga kelgach, hammamizga ust-bosh xarid qilib berardi. Esimda, menga yoqasi uzun, issiq palto olib bergan edi. Qanchalar quvonganimni so‘z bilan ifodalab  bo‘lmaydi.  Umrimda birinchi marta bunaqa  qimmat  kiyim  kiygan  edim-da! Moskvada o‘qiydigan Ilgizga esa o‘zining qayta bichilib, qayta tikilgan   paltosini posilkada yuboradi. O’sha paltoning yon tomonlarida,  ko‘kraklarida cho‘ntaklari ko‘p edi. Chingiz paltoning har bir cho‘ntagiga besh so‘mdan pul solib qo‘yadi. Nazarimda, kambag‘al talaba har bir cho‘ntakka qo‘lini tiqishi bilan pulga duch kelib, juda suyunib ketadi, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:58:11
   1957 yilda NKVD idorasidan bizga chaqiriq qog‘ozi keldi: «T. Aytmatov to‘g‘risidagi so‘rovnomangizga javob olish uchun NKVDga kelishingiz lozim».

   Onamning nechog‘lik hayajonlanganini bir ko‘rsangiz edi! Boyaqish o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi, yuragi hapriqib ketdi. Aksiga olgandek, Chingiz o‘sha kunlari isitmasi ko‘tarilib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgandi. Onam bechora uning tevaragida girgitton bo‘lardi. U onam bilan birga bormoqchi bo‘lib o‘rnidan turdiyu oyoqlari chalishib, yiqildi. Qisqasi, biz onam ikkovimiz chaqirilgan joyga jo‘nadik.

   — Otang Sibirda bo‘lsa kerak, — dedi onam. — Hozir ko‘pchilik o‘sha tomonlardan qaytib kelishyapti. Agar To‘raqul katta bo‘lib qolganlaringni ko‘rsa, bechora nihoyatda suyunib ketadi. Chingiz bilan Ilgiz oyoqqa turib olishdi, oila qurishdi. Lyutsiya ikkovingiz ko‘rkamgina qiz bo‘lib qoldilaring, Otang qanaqa bo‘lib qoldi ekan? Qamoqqa olingan payt 34 yashar edi. Bu yil roppa-rosa ellik beshga to‘ldi. Biz yigirma bir yil diydorlashmadik. Yigirma bir yil-a! Aytishga oson. Hammasiga chidadik. Mayli, ishqilib, otang sog‘-salomat bo‘lsa bas. Eshitishimcha, Sibirga surgun qilingan kishilarning ko‘pchiligi o‘sha yerda uylanib olishgan emish... Ehtimol, u ham shunday qilgandir. Axir, bir iloj qilib yashash ham kerak-da! Faqat salomat bo‘lsa bas. Xudoyim-ey, a’zoyi badanim qaltirab ketyapti. Ishqilib, uchrashuv payti yuragim quvonchdan yorilib ketmasa koshkiydi...

   Onamning so‘zlarini eshityapmanu ko‘zlarimdan yoshlar quyilyapti. Xudoyim, onaginam naqadar bag‘ri keng ayol edi! Mayli, uylangan bo‘lsa ham sog‘-salomat yurgan bo‘lsa bas, deydi. Haqiqiy muhabbat shunday bo‘lsa kerak: o‘ziga hech narsani tilamaydi, hammasi jufti halolimga bo‘lsin, deydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 12:59:35
   To‘g‘risini aytganda, onam ko‘zga yaqin, ko‘hlikkina ayol edi. Dunyoqarashi, aql-idroki bilan ovuldoshlaridan bir bosh baland edi. Yashirib nima qildim, ko‘pgina erkaklardan unga sovchilar keldi. Lekin, u To‘raquldan go‘zalroq, To‘raquldan boyroq, To‘raquldan aqlliroq erkak borligini hatto tasavvuriga sig‘dira olmasdi. Onam bir umr o‘zi ko‘ngil bergan erkakni kutib yashadi, unga sajda qilib yashadi, uning har bir savobli ishini eslab yashadi. Ustiga ustak, ana shu olijanob tuyg‘ularni bizning yuragimizga ham quyib qo‘ydi. Shu yo‘sin onam o‘zini nihoyatda baxtiyor inson deb bilardi...

   Nihoyat, biz NKVD idorasiga yetib bordik. Kiraverishda avtomat ushlagan askar turgan ekan. Onam unga chaqiriq qog‘ozini uzatdi.
   — Siz kiravering, — deb askar onamga yo‘l bo‘shatdi.
   Meni ichkariga kiritmadi.

   Onam ichkaridan oyoqlarini arang sudrab chiqib kelguncha oradan ancha fursat o‘tdi. Onamga ko‘zim tushdiyu yuragimda qattiq og‘riq turdi. Uning ko‘zlaridan duv-duv yoshlar oqardi. Lablari titrardi. Darhol onamning  qo‘ltig‘idan  oldim.   Bir  og‘iz  so‘z  aytishga ham madori yetmasdan, bir varaq qog‘ozni menga uzatdi. Qog‘ozda quyidagi so‘zlar yozilgan edi:

   SPRAVKA
   1937 yil 1 dekabr kuni qamoqqa olinganga qadar Qizil Professorlar institutining tinglovchisi bo‘lgan To‘raqul Aytmatovning aybnomasi SSSR Oliy sudining Harbiy Hay’ati tomonidan 1957 yilning 15 iyun kuni qayta kurib chiqildi.

   T. Aytmatovga nisbatan 1938 yilning 5 noyabr kuni Harbiy Hay’at tomonidan chiqarilgan hukm yangi ochilgan shart-sharoit tufayli bekor qilinadi va bu ish jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun to‘xtatiladi.

   T. Aytmatov o‘limidan keyin oqlandi.


   SSSR Oliy sudi Harbiy Hay’at raisining yordamchisi,
   adliya polkovnigi M. Rusakov.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:00:13
   Shumxabar keltirgan mana shu la’nati qog‘oz bizning yigirma bir yillik umidimizni chilparchin qilgan edi. Bir pasda hammasi abas bo‘ldi. Onam ikkovimiz xuddi qirg‘oqqa itqitib tashlangan baliq kabi hansirab-hansirab zo‘rg‘a nafas olardik; bir-birimizga suyanganimizcha ko‘cha bo‘ylab ketib borardik. Dunyo huvillab qoldi, barcha orzu-umidlarimiz havoga uchib ketdi. Onam bechora birdan o‘zgardi; o‘zini oldirib, rangpar bo‘lib qoldi, yelkalari bukchaydi. Voy xudoyim-ey! Uzoq yillar mobaynida u bitta ilinj bilan yashadi: bugun bo‘lmasa, ertaga To‘raqul albatta qaytib keladi. Bu ilinj unga kuch-quvvat bag‘ishlardi, har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga yordam berardi. Bechora onaginam ne-ne mushkulotni boshidan kechirdi!..

   Ko‘chada ketayotib, dunyoni boshimga ko‘tarib ho‘ng-ho‘ng yig‘lagim kelardi. «Adolat bormi?!» deb qichqirgim kelardi. Oilamiz sha’niga yopishtirilgan la’nat tamg‘asini yulib otishni istardim,  bunday taqdirga la’natlar o‘qimoqchi bo‘lardim. Biroq, bunday qilsam onamning yarasiga tuz separdim, xolos. Oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab kelayotgan onam hurmati dardimni ichimga yutdim. Bir-birimizga suyanishib, uyga yaqinlashib bordik-da, ko‘zyoshlarimizni tiya olmasdan ostonada serrayib turaverdik.

   —   Qizim, endi bo‘lar ish bo‘ldi, — dedi onam biroz o‘ziga kelgach. — Otangni o‘limi to‘g‘risida hozir Chingizga indamay qo‘ya qolaylik. Mavridi emas, butunlay yotib qoladi, keyin tuzalib ketishi qiyin bo‘ladi...

   Oradan bir necha kun o‘tgach, ovuldan bo‘xchasiyu jomadonini orqalab Qoraqiz ammam yetib keldi. Chingiz oyoqqa turgan, onam u kishini chaqirtirgan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:01:09
   Onam yotig‘i bilan ammamga og‘asining vafot etganini aytdi. Bu xabarni eshitib bechoraning yuragi yorilib ketishiga bir bahya qoldi. Suyukli og‘asining o‘limi ammamni o‘rtab yubordi: uzoq yillik dard-sitam bo‘g‘zidan vulqonday otilib yetdi. U har birimizni bag‘riga bosib, sannab-sannab rosa yig‘ladi. Qaniydi, hammaning shunaqa ammasi bo‘lsa!

   Keyin Aytmatovlar urug‘i jam bo‘lib, nohaq qurbon bo‘lgan marhumlar ruhiga duoi fotiha qilish niyatida Shakarga yo‘l oldik. Kerimbekning uyiga ovuldoshlarimizni to‘plab, adolatsizlik tufayli nobud bo‘lgan To‘raqul, Alimqul, O’zibek, Risqulbeklar xotirasiga bag‘ishlab ma’raka qildik.

   Lekin, onam bechora otamning o‘lganiga aslo ishonmasdi. Bu haqda ro‘y-rost gapirmasa-da, so‘nggi damlarigacha bitta ilinj bilan yashadi: balki, u tiriqdir? Bunday ilinjning sababi bor edi. Ulug‘ Vatan urushi yillarida Kavkazdan Shakarga ko‘chib keltirilgan odamlar orasida Ayvazidi ismli grek folbin ayol bo‘lardi. U qahva quyqumiga qarab fol ochardi. Ovulimizda Ayvazidining hamma gaplari to‘g‘ri chiqyapti degan mish-mish tarqaldiyu onam ham folbin huzuriga otlandi.

   —   Ering qamoqda. To‘rtta farzanding bor. Juda og‘ir hayot kechiryapsan. Bor kuchingni sarflayapsan. Sizlar bu yerda yana o‘n yil yashaysizlar. To‘ng‘ich o‘g‘ling seni shaharga olib ketadi. O’g‘lingning shuhrati butun dunyoga taraladi, — deb gapini tugatadi folbin.
- Erim-chi? Tirikmi, qachon qaytib keladi? — deb so‘raydi onam.
- Ering juda olislarda yuribdi. Sen u bilan ko‘p yillardan so‘ng uchrashasan, — deb javob beradi folbin.

   Ravshanki, folbin ayol otamning o‘lganini bilsa-da, ammo onamni noumid qilmaslik uchun to‘g‘ri gapni aytmagan. «Sen u bilan ko‘p yillardan so‘ng uchrashasan» degan so‘zlari esa, sir emaski, narigi dunyodagi uchrashuvga ishora edi».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:02:13
   Aytmatov. Nima bo‘lganda ham folbin odamgarchilik yuzasidan to‘g‘ri qilgan.

   Shoxonov. Qozoqlarning Oqmula shahri yaqinida «Aljir» (Akmolinskiy lager jen izmennikov rodinm) deb nomlangan maxsus qamoqxona bo‘lardi. Bu qamoqxonada qozoq xalqining Turor Risqulov, Saken Sayfulin, Beymbet Maylin, Temirbek Jurgenov, Uzoqboy Qulimbetov, Sultonbek Qojonov, Janaydar Sadibaqosov kabi yirik davlat va partiya rahbarlarining, adabiyot va san’at arboblarining xotinlari tutqunliqda saqlanardi. Bu jahannam Oqmuladan 40-45 kilometr narida bo‘lib, 26 ta maxsus bo‘lmalardan iborat edi. Sovet Ittifoqining turli burchaklaridan to‘plab keltirilgan «vatan xoinlari»ning xotinlaridan talab qilinadigan birlamchi narsa shu ediki, ular erlarining xoinligiga iqror bo‘lishlari va erlaridan voz kechish to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekishlari kerak edi. Shundan keyin ayollar gunohi yengillashtirilardi. U paytlarda NKVD idorasidagi qotillarning qilmishi aslo nazorat qilinmasdi, ota-onalari bag‘ridan yulib olingan farzandlar bepoyon mamlakatning bolalar uylariga tarqatib yuborilardi, butun boshli urug‘-aymoqlar qirib tashlanardi. Lekin, ana shunday mudhish zamonda ham Saken Sayfulin, Ilyos Jonsug‘urovlarning umr yo‘ldoshlari ulug‘ ustozlarimizning qo‘lyozmalarini yerlarga ko‘mib, yastiq jildlari orasiga yashirib, ko‘z qorachig‘iday asrab kelajak avlodga yetkazganlar. Bu haqiqiy jasorat edi.

   G’abit Musrepov bir gal «Aljir»ga borganini va u yerda Beymbet Maylinning xotini bilan uchrashganini gapirib bergan edi.
   O’sha ayol G’abit Musrepovga bunday degan ekan:
   —   Qamoqxonaga qarashli qo‘y podani o‘z ixtiyorim bilan boqishga rozi bo‘ldim. Tongdan shomgacha to‘rt devor orasida xun bo‘lib o‘tirgandan ko‘ra, ochiq havoda o‘krab-o‘krab yig‘lab olganing afzal. Xiyla yengil tortasan.

   U paytlari «Aljir»da «vatan xoinlari»ning yigirma ikki mingga yaqin xotinlari qon yutib yashardilar. Agar onangiz ovuldan boshpana topmaganda bormi, u ham o‘sha jahannamga uloqtirib yuborilishi hech gap emasdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:03:48
   Aytmatov. Ha, shunaqa bo‘lishi ham mumkin edi.

   Maktabda o‘qib yurgan kezlarim bitta mehribon muallim bunday degan edi: «Otangning nomi tilga olingan paytda hech qachon ko‘zlaringni yashirmagin». Bu oqilona nasihat og‘ir damlarda menga madadkor bo‘ldi, xotiramga bir umr muhrlanib qoldi. O’sha so‘zlardan: «Otang xalq dushmani emas» degan ma’noni anglash mumkin edi. Bolalik qalbimni ana shu so‘zlar ilitib turardi.

   Shoxonov. Keling, singlingiz Roza xonimning hikoyalarini yana bir bor eslaylik:
   «1975 yil. Men ish yuzasidan Talasga bordim. Bitta notanish ayol men bilan iliqqina ko‘rishdi-da:
   —   Siz Chingiz Aytmatovning singlisi bo‘lasizmi? — deb so‘radi
   —Ha.
   —   Sizning kelayotganingizni tanishlarimdan tasodifan eshitib qoldim. Juda yaxshi bo‘ldi. Yo‘qsa, Sizni izlab o‘zim Frunzega bormoqchi bo‘lib turgan edim.

   Sovet Ittifoqining hamma burchaklaridan, butun dunyodan Chingizga son-sanoqsiz xatlar yog‘ilib kelardi. Xatlarning aksariyati uy-joy ololmayotgan odamlarning shikoyatlari, mahalliy hokimiyatning o‘zboshimchaligidan himoya qilish va qimmatbaho xorijiy dori-darmon xarid etishga ko‘mak berish so‘ralar edi. Chingiz bolaligidan e’tiboran juda ko‘p adolatsizliklarga duch kelgani uchunmi, xatlarni sinchiklab o‘qib chiqar, sira vaqtini ayamas, agar iloji bo‘lsa, xat mualliflariga yordam berar edi. Uzoq-yaqindan keladigan bunday odamlar qulay fursat topib, menga ham tez-tez murojaat etib turishardi: «Iltimos, mana shu xatni og‘angizga berib qo‘ying! Sovet Ittifoqida uning gapini ikki qiladigan hech kim yuq». Og‘amning boshqa tashvishlari ham boshidan oshib-toshib yotganini yaxshi bilganim uchun ko‘pincha ataylab iltimoschilardan o‘zimni olib qochib yurardim. O’sha notanish ayolni uchratgan paytimda, dastlab, uni ham iltimoschilardan biri bo‘lsa kerak deb o‘yladim.

   —   Yo‘q-yo‘q, — deb meni xotirjam qilishga urindi u. — Sizni izlab yurganimga sabab shuki, otangiz To‘raqulga aloqador gapim bor. Mening og‘am qamoqda otangiz bilan bitta kamerada o‘tirgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:04:38
   U otamning nomini tilga olgan paytda men xuddi tok urganday seskanib ketdim,
—Og‘angiz qaerda? Tirikmi? — deb so‘radim shosha-pisha.
—Tirik. Lekin, hozir u og‘ir betob. Kasalxonada yotibdi. Do‘xtirlar, og‘angizning sanokli kunlari qolgan, deyishyapti. Agar iloji bo‘lsa, u og‘angiz Chingiz bilan uchrashmoqchi. Ammo, gazetada yozishlaricha, u hozir Amerikada ekan. Shu bois men sizni izlab yurgan edim.

   Men o‘sha ayol bilan kasalxonaga jo‘nadim. Aynan bemorlar dam olayotgan paytlarda boribmiz. Notanish ayol hamshiradan ruxsat so‘rab, og‘asining qo‘ltig‘idan suyab yo‘lakka olib chiqdi. Uning ismi Tangriberdi Alapaev ekan. Bu kishi sabr-toqatli, bosiq-vazmin ekani aftidan shundoq bilinib turardi. Lekin, og‘ir xastalikdan so‘ng cho‘pday ozib-to‘zib ketgandi, madori qurib qolgandi, yelkasi bilan nafas olardi. Hol-ahvol so‘rashganimizdan keyin u menga boshdan-oyoq sinchiklab razm soldi va birdan tovushini chiqarmasdan yig‘lab yubordi.

   —   To‘raqulga xuddi quyib qo‘yganday o‘xshar ekansan. Endi o‘lsam ham armonim qolmadi. Menga xudoning rahmi keldi, — dedi hiq-hiq yig‘lab. Birpas nafasini rostlab olgach, hikoyasini davom ettirdi: —U paytlari komsomol tashkilotida ishlardim. Og‘am Uzoqboy «Oqjar» kolxozi boshqaruvining raisi edi. Boshini ko‘targan odam darhol «xalq dushmani» deb e’lon qilinardi. Dastlab, og‘amning navbati keldi, oradan birmuncha vaqt o‘tgach, o‘zimni ham qamoqqa olishdi. «Og‘ang vatan xoini. U kimlar bilan til biriktirgan edi? Qanday zararkunandalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan? Qay yo‘sinda tashviqot yuritgan? Qani, gapir!» deb tergov qilishardi. Bunday hodisa yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Boz ustiga, tergov payti shafqatsizlik bilan kaltaklashardi. Mening o‘jarligim tutdi, miq etmadim. Bir kuni toqati toq bo‘lgan tergovchi miltiq qo‘ndog‘i bilan basharamga tushirdi. O’shanda bir nechta tishim to‘kilib ketdi. O’zim behush bo‘lib yiqildim... Kamerada tsement polda yotgan chog‘im hushimga keldim. Ko‘zimni ochsam, atrofimda ochlikdan sillasi qurigan, soqol-mo‘ylovlari o‘sib ketgan, yuz-ko‘zlari momataloq besh-olti kishi bor ekan. Burchakda bittagina temir karavot turibdi. Yonimda cho‘nqayib o‘tirgan istarasi issiq bir yigit yuzimdan oqayotgan qonlarni artardi. «Chirog‘im, tur o‘rningdan, mening joyimga borib yot», dedi u. So‘ng qo‘ltig‘imdan olib, o‘z joyiga eltib yotqizdi. O’sha yagona temir karavotda barcha tutqinlar navbat bo‘yicha dam olishardi. Men borgan kun uning navbati kelgan ekan. Suyaqdan o‘tib ketadigan tsement sovug‘idan, hech bo‘lmasa, bir kun saqlanish mumkin edi. Hech kim e’tiroz bildirmadi. Hammaning ruhi tushib ketgan edi, go‘yo bir-biri bilan gaplashishga ham qo‘rqishardi. Ertasi kuni biz yaqinroq tanishdik. Uning ismi Turaqul Aytmatov ekan. Mening Talasdan ekanimni eshitib, juda suyundi. Oradan bir necha kun o‘tgach, biz og‘a-inilarday qalin bo‘lib qoldik. Nima uchun bu joyga kelib qolganimni obdon so‘rab-surishtirgach, bunday maslahat berdi: «Hech qanday jinoyat qilmagansan. Hali yoshsan. Faqat og‘angning ishi uchun seni tutib turishibdi. Hushyor bo‘lgin, tergovchilarning tuzog‘iga ilinib qolma. Hech kimni sotmagin. Mahkam bo‘l, so‘zingdan qaytma. Oxir oqibat seni ozod etib yuborishadi. Biz — boshqa masala. Bizni otib tashlashlari mumkin», dedi bosiq ohangda. Qamoqdagi nam tortgan yostiq jildidan To‘raqul bejirim xalta yasadi. Xaltaning ichiga qora ip bilan o‘g‘illarining ismini tikib-yozdi: «Chingiz, Ilgiz». Yoniga esa men tug‘ilgan yurt nomini yozdi: «Talas». Biroq, «s» harfiga qolganda ip tugab, so‘z kemtik holida qolib ketdi. U ta’lim ko‘rgan, madaniyatli, halol inson edi. "Har bir so‘zidan, mayda-chuyda harakatlaridan va sirtdan ham shu xislatlari ko‘zga tashlanib turardi.  Sovun, taroq, tish cho‘tkalarini top-toza lattaga o‘rab, o‘sha qadrdon xaltasida saqlardi. Bir kecha boshqalar eshitmaydigan tovushda qulog‘imga asta shivirladi: «Menga 58-moddani yopishtirishyapti. Xalq dushmani sifatida xat yozish huquqidan mahrum etishdi. Sendan bir narsani iltimos qilmoqchiman. Birinchi va, ehtimolki, oxirgi iltimosim ham shu bo‘lar. Agar bu yerdan qutilib chiqsang, Shakarda oilamni qidirib topgin. Xalq dushmani emasligimni ular bilib qo‘yishsin. Men bo‘htonga qoldim. To‘ng‘ich o‘g‘lim Chingiz juda ko‘ngilchan, kuyunchak bola. Dunyoda bunday adolatsizlik borligini hali bilmaydi. Moskvada yashab turgan paytimiz bir kuni ko‘chada mushtumlari kuvaldadek keladigan bitta barzangi sharti ketib, parti qolgan cholni ayovsiz do‘pposlayotganini ko‘rib qoladi. Chingiz o‘qday uchib uyga keldiyu o‘kirib yig‘lagancha: «Axir, bu dahshat-ku! Azob-ku!» dedi qayta-qayta. Qisqasi, u bilan ochiqchasiga gaplashib qo‘ygin. Iltimos, uning ko‘zini ochgin, hayotda uchraydigan mushkulotga tayyor bo‘lib tursin. Bir daqiqa ham shubha qilmasin: men xalq dushmani emasman. Shunga ishontir uni. Chingizga tushuntirginki, agar men qaytib bormasam, u oilamizning kattasi bo‘lib qoladi. Ismlar yozilgan xaltachani esa ularga mendan esdalik sifatida topshirasan. Endi hozir aytadigan gaplarimni quloqlaringga quyib ol: agar meni otuvga hukm qilishmasa, Moldovanovka qamoqxonasiga o‘tkazib yuborishsa, militsioner orqali xaltachamda turgan sovunimni so‘rataman; agar Sibirga surgun qilishsa, tarog‘imni so‘rataman; agar tish yuvadigan cho‘tkamni so‘ratsam, bilginki, meni bosqichma-bosqich Urolga jo‘natishmoqchi. Nachora, chirog‘im, alvido! Bu dunyoda qayta uchrashmasak, narigi dunyoda ko‘rishamiz». Ko‘zlarim yoshlanib, uning barcha iltimoslarini ado etishga so‘z berdim. Keyin To‘raqulni olib ketishdi. Ikki kundan so‘ng kameraga soqchi kirib keddi-da: «Aytmatovning buyumlari qolganmi?» deb so‘radi. Yuragim yomon bir narsa bo‘lganini sezdiyu: «To‘raqulga nima bo‘ldi?» deb so‘radim. U barmog‘ini shiftga niqtab: «Hozir uning joni jannatga tomon uchib ke-tayotgan bo‘lsa kerak», dedi miyig‘ida kulib. Tizzalarim o‘z-o‘zidan bukilib ketdi. Hushim boshimdan uch-diyu bir iloj qilib, To‘raqulning fufaykasi bilan telpagini soqchiga berib yubordim. Ismlar yozilgan xaltachani, taroqni yashirib qo‘ydim. Ularni farzandlariga esdalik sifatida topshirmoqchi edim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:05:12
   Bir necha kundan so‘ng «Vatan xoini oilasining a’zosi» sifatida meni o‘n yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildilar va bosqichma-bosqich Sverdlovsk qamoqxonasiga jo‘natdilar. Mana, tepamda xudo shohid, ariston telogreykasining ichki cho‘ntagida To‘raqul o‘z qo‘li bilan tikib, o‘g‘illarining ismini yozib qo‘ygan o‘sha aziz xaltachani o‘n yil mobaynida ko‘z qorachig‘iday asradim. Taroqni ham asrab yurdim. Ularni o‘z qo‘lim bilan to‘ngich o‘g‘lining shaxsan o‘ziga topshirmoqchi edim. Kelishgan yigirma yashar Chingizni ko‘z oldimga keltirib ko‘rardim: u ham To‘raqulning quyib qo‘ygan nusxasiga o‘xshardi. Lekin, odamning boshi — tegirmon toshi, deganlari rost ekan. Peshonamga boshqa ko‘rguliklar ham yozilgan ekan: o‘n yildan so‘ng otayurtimga qaytib ketishimga ruxsat berishmadi. Jazo muddatimni yana uzaytirib qo‘yishdi. Sibirning ovloq joylariga surgun qilib yuborishdi. Hartugul, u yer qamoqxonadan farq qilardi. Erkim cheklab qo‘yilgan o‘lka hududida bemalol yurishim, ishlashim mumkin edi. Bitta tatar qizga uylandim, oila qurdim. Otayurtimga qaytib borishdan umidimni uzganim uchunmi, ehtimol, alam ustida qo‘lbola aroq ichib qo‘yganim uchunmi, ishqilib shayton yo‘ldan ozdiribdi shekilli, egnimdagi eski paxtaligimni daryoga uloqtirib yubordim. Uning ichki cho‘ntagida To‘raquldan qolgan buyumlar bor edi. Bu qilmishimni xudo ham, otangning arvohi ham kechirmaydi. Bu gaplarni bekorga aytayotganim yo‘q: aynan o‘sha kuni otxonada bitta otni taqalayotgan edim, u och biqinimga shunaqayam o‘xshatib tepdiki, o‘sha joyning o‘zida til tortmay o‘lishimga ozgina qoldi. Ikkita qovurg‘am sindi, o‘pkamning yarmi ezildi. Shunday qilib, bir pasda yarimjon bo‘lib qoldim. O’shandan buyon oylab, yillab kasalxonada yotaman, uyda ham to‘shakdan turmayman. Endi bo‘lsa, ostonada ajalim kutib turibdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:05:54
   Nihoyat, otayurtimga qaytishimga ruxsat berishdi. Buning uchun Xrushchyovga mingming rahmat! Darhol ish joyim bilan hisob-kitob qildim, xotinimni qavatimga olib qadrdon Talas tomon otlandim. Qarindosh urug‘larim bilan ko‘rishdim, yuragimni urtab yurgan ko‘p yillik sog‘inch andak tarqalganday bo‘ldi. Hamqishloqlarimdan To‘raqulning oilasini so‘radim. Ular Frunzega ko‘chib ketishgan, dedilar. Anavi voqea ich-etimni kemira boshladi. Boz ustiga, dardim battar og‘irlashdi. Hatto nafas olish ham azobga aylandi. Uzoq vaqt o‘zim bilan o‘zim ovora bo‘lib qoldim. O’shandan beri ko‘p suvlar oqib ketdi.

   Qattiq ishonardimki, bir kun kelib xotiram chaqmoq misoli yorishadi. O’sha paytlari yana eski kasalim qo‘zg‘ab bemorxonada yotgan edim. Yonginamdagi karavotda yotgan yigitcha kecha kunduz bitta qalin kitobni tinimsiz mutolaa qilardi. Bir kuni u dori-darmon uchun xonadan chiqib ketdi. Men uning kitobini qo‘limga oldim. E voh, bu Chingiz Aytmatovning «Materinskoe pole» nomli to‘plami ekan. Kitobning birinchi varag‘ini ochdim:
   «Ota, men seni qaerga dafn etilganingni bilmayman. Bu kitobimni senga — To‘raqul Aytmatovga bag‘ishlayman. Ona, sen bizni — to‘rt farzandingni voyaga yetkazding. Bu kitobimni senga — Nagima Aytmatovaga bag‘ishlayman».

   Marvarid marjoni kabi jumlalar terilib turardi.
   Muqovada Chingizning jiddiy qiyofali suratiga ko‘zim tushdiyu xayolimda To‘raqulning siymosi gavdalandi. Frunze qamoqxonasining beton zindonida tortgan azob-uqubatlar, merosxo‘rlarning ismlari yozilgan xaltacha, gadoy topmas Sibir taygasi va marhumning so‘nggi iltimoslari yodimga tushdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:06:25
   — Axir, bu To‘raqulning o‘g‘liku! Voy jigarim-ey!— deb qichqirib yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim.

   Yashirib nima qiddim, o‘sha damda vijdonim qiynalib ketdi. Xuddi sovuq badanimga cho‘g‘ bo‘lib turgan temirni bosib olganday his etdim. Axir, men bitta insonning so‘nggi vasiyatlarini bajo keltirmagan edim. U menga ishongandi, og‘ir paytlari menga yordam qo‘lini cho‘zgandi. O’sha zahoti Chingizga xat yozib, hammasi to‘g‘risida gapirib bermoqchi bo‘ldim; otasining vasiyatlarini asray olmaganim uchun, irodasizlik qilganim uchun undan kechirim so‘rashni istardim. Bir necha marta shunday qilishga urinib ko‘rdim, lekin har gal qat’iyat yetishmasdi...

   Yaqinda do‘xtir singlimga: «Uzog‘i bilan yana bir oy yashashi mumkin», deganini tasodifan eshitib qoldim. O’shandan beri oromim yo‘q. To‘raqul oldidagi qarzimni uzmasdan narigi dunyoga qanday ketaman? U dunyoda To‘raqul bilan uchrashib qolsamu mendan: «Tangriberdi, sen nima uchun so‘zingning ustidan chiqmading? Bor-yo‘g‘i arzimas buyumlarni o‘g‘illarimga topshirib qo‘yishni iltimos qilgan edim. Shu ishni bajarish ham qo‘lingdan kelmadimi?» deb so‘rab qolsa netaman? Uning ko‘ziga qanday qarayman? Shu bois singlimdan, agar meni u dunyoga armonsiz ketsin desang, iltimos, To‘raqulning merosxo‘rlaridan birortasini huzurimga boshlab kelgin, deb so‘radim. Men ularning poyiga tiz cho‘kib, tavba qilmoqchiman. Shukur, oh-vohlarim xudoga yetibdi. Qondoshim, To‘raqulning urug‘-aymoqlari nomidan mening gunohimni kechirgin! Iloyim, u dunyoga og‘ir gunohim bilan ketmayin! — deb chol yosh boladay ho‘ngrab yubordi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:07:35
   — Xafa bo‘lmang! Axir, hech qanday gunohingiz yo‘q-ku?! Agar bunda gunoh bo‘lsa, o‘sha la’nati zamon gunohkor! Adolatsizlik ildiz otgan zamon hammasiga gunohkor, — deb bechora cholga taskin berishga urindim. Lekin, o‘zim ham tasalli-taskinga zor bo‘lib turardim. Tinka-madori qurib, bukchayib qolgan cholning ahvolini ko‘rib, yurak-bag‘rim ezilib ketdi. Otamning so‘nggi kunlarida hamnafas bo‘lgan kasalmand cholni bag‘rimga mahkam bosdimu, hiq-hiq yig‘lay boshladim...»

   Aytmatov. Tangriberdi Alapaevdan 1938 yili otam aytib yuborgan eng oxirgi xabar bizga faqat 1975 yili yetib keldi. Bu paytda onam vafot etganiga to‘rt yil bo‘lgan edi.

   Shoxonov. 1938 yil. Rutubatli kuz kunlari. Bishkekdan uncha olis bo‘lmagan tog‘ etagida Po‘ngtosh degan so‘lim go‘sha. Xuddi shu joyda NKVDning oromgohi bor. O’sha kunlari bir nechta yuk mashinalariga qamalgan mahbuslarni pinhoniy ravishda shu yerga keltirishadi-yu, hammasini otib o‘ldiradilar va qotillarga xos puxtalik bilan ilgaritdan hozirlab qo‘yilgan xandaqlarga ko‘mib ketadilar. O’sha oromgohda qoravul bo‘lib ishlaydigan Abikan Qidiraliev pinhoniy qotillikni zimdan kuzatib o‘tiradi. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, oqsoqol o‘sha mozoristonga borib, marhumlarning ruhiga Qur’on tilovat etib yuradi. Cholning 1928 yilda tug‘ilgan Bubuyra ismli sizga tengdosh qizi bor edi. Ota o‘z qiziga shunday vasiyat qiladi: «Qizim, hozir aytadigan gaplarim hech qachon esingdan chiqmasin; mana shu joyga juda ko‘p marhumlar dafn etilgan. Xudo xohlasa, yaxshi kunlar keladi. O’shanda bu sirni odamlarga oshkor qilasan. Hozircha bu to‘g‘rida birovga miq etib og‘iz ocha ko‘rma». Qirg‘iziston demokratiya yo‘lini tanlab, mustaqillikni qo‘lga kiritgach, Bubuyra xola otasidan eshitgan gaplarni qog‘ozga tushirib, Davlat xavfsizligi qo‘mitasiga maktub yo‘llaydi. Qo‘mitada bo‘lim mudiri lavozimida xizmat qiladigan Bo‘lat Abdurahmonov (ba’zi bir hamkasblarining e’tiroz bildirishlariga qaramasdan) nomsiz mozorni ochib ko‘rish chora-tadbiriga bosh bo‘ladi. Fojia ro‘y bergan joydan 137 nafar kishining bosh chanoqlari, suyaklari topiladi. Suyaklar orasidan yarmi chirib ketgan uch sahifalik hukm matni ham chiqib qoladi. Sizning otangiz To‘raqul Aytmatov ham aynan o‘sha hukmga asosan otib tashlangan ekan. Qirg‘iz xalqining Jusup Abdurahmonov, Qosim Tinistonov, Erkinbek Esonomonov, Imonali Aydarbekov, Boyali Isoqov, Asanboy Jamansariev, Usmonqul Aliev, Sodiq Cho‘nboshev kabi mashhur o‘g‘lonlari ham otangizga taqdirdosh bo‘lgani arxiv hujjatlari asosida isbotlandi... Musibatlar uyasi bo‘lmish o‘sha joyga «Ota Beyit» nomi berildi. Marhumlarni qayta ko‘mish marosimida respublika Prezidenti Asqar Aqaev ishtirok etdi. Lyuksemburgdan ana shu marosimda qatnashish uchun siz ham yetib keldingiz va nutq so‘zladingiz. Guvohlarning aytishicha, marosimda ko‘zyosh to‘kmagan odam qolmabdi. Prezidentning maxsus farmoniga muvofiq 1995 yil 25 noyabr «Repressiya qurbonlarining xotirasi kuni» deb e’lon qilindi. Marosimda birgalikda qatnashdik. Guras-guras olomon oqimining poyoni ko‘rinmasdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:08:29
   Bir guruh yoshlar, talabalar qop-qora sochli, o‘ychan boqib turgan navqiron yigitning portretini boshlari uzra mag‘rur ko‘tarib yurardilar. Bu — To‘raqul Aytmatov edi. U paytlari otangiz Sizning hozirgi yoshingizdan ikki barobar kichik bo‘lgan. Siz juda ko‘p narsalarni boshingizdan kechirdingiz, shon-shuhratga burkandingiz.

   Aytmatov. Ha, o‘sha topilma — otamning ustidan chiqarilgan o‘lim hukmi qalbimni ostin-ustin qilib yubordi. O’sha hukmnoma 137 marhumning suyaklari orasidan topildi. Muxtorjon, oradan 53 yil o‘tgach, hatto marhumning suyaklari ham tuproqqa qo‘shilib ketar ekan. Lekin, qanday mo‘‘jiza tufayli otamning ko‘krak cho‘ntagidagi uch varaq hukmnoma butunlay chirib ketmagani kishini hayron qoldirmaydimi? Ollohning barqarorligiga iymon keltirmoq kerak. Mayli, kechikib bo‘lsa-da, adolat tantana qildi. Mudhish zamonlarda bizning oilamiz boshiga tushgan musibat, iloyim, hech kimning boshiga tushmasin!

   Shoxonov. Chike, agar Siz qarshi bo‘lmasangiz, singlingiz Roza xonimning xotirasiga yana diqqatingizni qaratmoqchiman:
   «Onam umrining oxirigacha Chingizning qaramog‘ida yashadi. Nazarimda, u faqat to‘ng‘ich farzand emasdi, ayni paytda ular o‘rtasida qandaydir ruhiy yaqinlik ham bor edi. Uning har bir asarini, hatto maqolalariyu suhbatlarini ham onam berilib, qiziqib mutolaa qilardi. Onam o‘sha davrdagi sovet va dunyo adabiyotidan yaxshi xabardor edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:09:02
   Chingizga Lenin mukofotining berilishi faqat qirg‘iz xalqi, Sovet Ittifoqining barcha milliy respublikalari uchun misli ko‘rilmagan voqea bo‘lib qolmasdan, ayni paytda O’rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari uchun ham juda zo‘r voqea bo‘ldi. Chunki, u zamonlari Sovet Ittifoqida bunday mukofotni olgan odam ommaviy ravishda tan olingan hisoblanardi, tirik chog‘idayoq klassiklar qatoridan joy egallardi. Favqulodda nufuzli bo‘lgan o‘sha mukofot O’rta Osiyo va Qozog‘iston bo‘yicha adabiyot sohasida birgina Muxtor Avezovga berilgan edi. Chingizga mukofot topshirilgan kun Aytmatovlar oilasining obro‘-e’tibori eng yuqori nuqtaga ko‘tarilgan damlar bo‘ldi. Respublika gazetalari Chingizga butun-butun sahifalar bag‘ishladilar. Har tomondan tabrik telegrammalari, maktublari yog‘ilib ketdi. O’sha paytgacha bizning bor-yo‘qligimizni ham bilmaydigan partiya rahbarlari, hukumat amaldorlari telefon orqali tabrikladilar yoki uyimizga maxsus tashrif buyurdilar. Ko‘chalarda, do‘konlarda, madaniy muassasalarda faqat Chingiz to‘g‘risida gapirishardi. Aksiga olgandek, shunday damlarda onamning tobi qochib qoldi, uni kasalxonaga yotqizdik. Onamga yangi chiqqan ko‘kat xarid qilish uchun men O’sh bozoriga jo‘nadim. Avtobusda ketayotsam, 50 yoshlar chamasidagi miqti, qalin mo‘ylovli, katta tugun ko‘tarib olgan qirg‘iz kishi yonidagi yigitga: «Qirg‘izlar Chingiz timsolida o‘zining xalq ekanini ko‘rsatdi», dedi mag‘rurlanib. Bu so‘zlar meni bag‘oyat to‘lqinlantirib yubordi. Axir, biz kechagina «xalq dushmani»ning bolalari emasmidik? Bizni har kim xo‘rlamasmidi? Xudoyim, mana. bizning ko‘chada ham bayram bo‘ldi-ku!

   Onam doim sumkachasida otamning Chingiz va Ilgiz bilan birga tushgan suratini olib yurardi. Kasalxonada ham o‘sha suratni yoniga qo‘yib qo‘yadi.

   Moskvadan qaytib kelayotgan Chingizni kutib olish uchun respublika rahbarlari, qarindoshlari, yaqinlari yo‘lga peshvoz chiqdilar. Men erim Esonbekni jo‘natib, onam bilan qoldim. Chingiz uyga ham kirmasdan to‘g‘ri kasalxonaga keldi. Onam yostiqdan arang o‘mganini ko‘tarib (oyoqlari shishib ketgan edi), Chingizning ko‘kragiga boshini qo‘ygancha uzoq yig‘ladi. Uning ko‘zlaridan tog‘ jilg‘alarida oqayotgan zilol suv misoli beg‘ubor sevinch yoshlari duv-duv to‘kilardi. Necha-necha yillardan so‘ng ilk bora ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi. Go‘yo uyqusiz o‘tkazilgan vahshatli tunlardan nom-nishon qolmaganday edi. Bir so‘z bilan aytganda, Chingiz shon-shuhratga burkangan tantanali kun onam uchun To‘raqulning ma’naviy g‘alabasi bo‘ldi».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:10:14
   Aytmatov. Ha, onam uchun aynan shunday bo‘lgan.
   Shoxonov. Ko‘rib turibman, Siz to‘lqinlanib ketdingiz. Bo‘pti, boshqa mavzuda gaplashamiz. Esingizdami, Shakarga safaringiz chog‘i Siz Rossiya televideniesining muxbiri Vladimir Fyodorov bilan suhbat boshladingiz. Biz Umarboy Norbekov, Davlatbek Shodibekov va yana Sizning ikkita sinfdoshingiz bilan Qurqurov daryosining darasiga yo‘l oldik. Tog’dan hayqirib tushayotgan daryo sohilidagi ko‘klamzor havosi shifobaxsh edi. O’sha manzarani tomosha qilib turgan paytimiz Siz mening yonimga kelib: «Ko‘ryapsanmi, huv, anavi Manas cho‘qqisida bulut to‘planib turibdi? Endi kuzatib o‘tirsang, o‘n-o‘n besh daqiqadan so‘ng bu yerda jala boshlanadi». Dastlab, hazillashyapsiz, deb o‘yladim. Axir, bir tutam bulut jala bo‘lib yog‘ilishi kimning xayoliga kelardi. O’sha bulutni shamol uchirib ketishi mumkin-ku? Lekin, hali es-hushimni yig‘ib olishga ham ulgurmagan edimki, birdan shamol turdi, momoguldurak boshlandi va birdan jala urib berdi-ya! Shu tariqa otayurtingiz tabiatini, o‘zgaruvchanligini nechog‘lik nozik his etishingizni o‘shanda bilganman.

   Chike, qiziq voqea esimga tushib qoldi.
   1995 yili Bishkekda uch qardosh respublikalarning bosh vazirlari ishtirok etgan kengash bo‘ldi. Unda Akejon Qo‘jegeldin (Qozog‘iston), Abduhoshim Mutalov (O’zbekiston), Apas Jumag‘ulov (Qirg‘iziston) qatnashdilar. Hukumat rahbarlari energetika, gaz sanoati, sog‘liqni saqlash sohalariga doir umumiy muammolarni muhokama etdilar va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzdilar.

   Kengash poyoniga yetgach, mehmonlarni men Qozog‘iston elchixonasiga taklif etdim. Elchixonaga ketayotib, mashinadan Sizga qo‘ng‘iroq qildim.
   — Uchta qardosh respublikaning hukumat boshliqlari har kuni to‘planavermaydilar. Bu oqshom ular bilan birga ovqatlanishni istaysizmi?

   Dasturxon atrofida qizg‘in suhbat bo‘ldi. Har xil mavzularda fikr almashdik. Lekin, Jambuldagi zoovettexnikumda o‘qib yurgan paytlaringizda ro‘y bergan «eshakchilik» to‘g‘risidagi hikoyangizni eshitib, hamma ichagi uzilguncha kuldi. Hikoyangiz eng qiziq nuqtaga yetgan payt meni telefonga chaqirib qolishdi: Olmaotadan respublika Tashqi ishlar vaziri Qosimjomart To‘qaev qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Xullas, Siz gapirib bergan hikoyaning yechimini eshitmay qoldim. Telefonda gaplashib qaytsam, dasturxon atrofida o‘tirgan odamlar miriqib qahqaha otishyapti. Hozirgacha o‘sha hikoyangizning oxirini eshitmay qolganimga afsuslanaman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:10:56
   Aytmatov. O’sha kulgili fojianing ma’nosi tushunarli bo‘lishi uchun gapni uzoqdan boshlashim lozim.

   Gap shundaki, otam repressiyaga uchragandan so‘ng, urush yillari ham men ko‘pincha Qoraqiz ammamning qaramog‘ida yashardim. Ammamning mendan umidi katta edi: negadir u kaminani partkom, prokuror yoki shunga o‘xshash sohaning yirik amaldori bo‘ladi deb o‘ylardi. O’shanday shohsupaga ko‘tarilishim uchun ammam o‘z tushunchasi bo‘yicha qo‘lidan kelgan hamma ishni qilardi. Masalan, u mening shaharda o‘qishimni istardi. U menga oxirgi tiyinlarini ham berardi, talqon tayyorlab qo‘yardi. Hayotda odam hech kutilmagan sinovlarga duch kelar ekansan.

   Biz har kuni saboq olishdan tashqari, ayni paytda amaliy ish bilan ham mashg‘ul bo‘lardik. «Yilqichilik», «Qo‘ychilik» mavzularida saboq olganimizdan so‘ng, birdan «Eshakchilik» mavzusiga o‘tib ketdik. Dastlab, hamma askiya qildi: mavzuni qaranglar, eshak emish! Aslida, boshqacha ekan. Ma’lum bo‘lishicha, uzun quloq, hangrashni qotiradigan eshakvoyning avlodlari qadim zamonlarga borib taqalar, zoti, turlari, ranglari har xil bo‘lar, qisqasi, eshaqdan eshakning farqi bor ekan. Bizning o‘qituvchimiz rus edi. Qattiqqo‘l mo‘ysafid edi. O’z sohasi bo‘lmish yilqichilikni juda yaxshi bilardi. U qamaldagi Leningraddan Qozog‘istonga ko‘chib kelgan ekan. Texnikum talabalari tajriba o‘tkazishi uchun yordamchi xo‘jalik yo‘q edi. Odatda, tajribaviy mashg‘ulot paytida professor shogirdlarini Jambuldagi «Otchopar» nomli mol bozoriga ergashtirib borardi. O’sha gal ham shunday qildi. Yakshanba kunlari bu joy ajoyibxonaga aylanib ketardi: yon-atrofdagi ovullardan, qirg‘izlarning Talas vodiysidan mol oladigan, mol sotadigan odamlar yog‘ilib kelardi. Olomon orasida dallollar bir daqiqa ham tinim bilmasdi. Biz o‘zimizga ma’qul bo‘lgan bitta «uzun quloq eksponat»ni tanladik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:11:42
- Student Aytmatov, mana shu olijanob hayvon to‘g‘risida bilganlaringni bizga gapirib ber-chi? — dedi ko‘zoynagi yaltirab turgan professor. U kishi yaqinda «Insoniyatning madaniy taraqqiyotida eshakning o‘rni» mavzusida ma’ruza qilgan edi.

- Bu hayvon dastlab Afrika va Osiyo qit’asida tarqalgan edi, — deb ilhom bilan gap boshladim. — Hozir ularni Suriyada, Kashmirda, Tibetda, Turkmanistonda, O’zbekistonda, Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda, shuningdek, Mo‘g‘ilistonda uchratish mumkin. Asosan, eshaklardan oilada og‘ir yuklarni tashish vositasi sifatida foydalanadilar. O’zlaring ko‘rib turganlaringdek, eshaklar boshqa hayvonlardan o‘zlarining quloqlarining uzunligi bilan ajralib turadilar. Ayni paytda dumlari ham uzun, lekin yupqa bo‘ladi. O’n ikki oy mobaynida homilador bo‘lib yuradilar... — Shunday dedimu birdan eshakning egasini tanib qoldim. Bu kishi bizning ovulimizdan bo‘lib, Qoraqiz ammam bilan Do‘stali amakimning qo‘shnisi edi. Sotuvchi ko‘zlarini ola-kula qilib, eshak to‘g‘risida aytayotgan gaplarimni tashvishmand qiyofada tinglardi. Qaniydi, shu tobda yer yorilsayu men yer ostiga kirib ketsam! Tovushim chiqmay qoldi.

   Lekin, mening xayolimdan nimalar kechayotganini professor tushunarmidi?
   —   Student Aytmatov, nega indamay qoldingiz? Davom eting! Kulrang eshak boshqa eshaklardan nimasi bilan farq qiladi? — deb qistardi u.
   Uyalganimdan terlab ketdim.
   Shunday qilib, boyagi oqsoqol ovulga qaytib boradiyu meni qanday o‘qib yurganimni hammaga aytib chiqadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:12:30
   Qirqinchi yillarning oxirlarida Shakarda sudya, prokuror, militsioner kasbi hurmatga sazovor edi. Bu haqda hatto lapar to‘qilgandi: «Ering militsioner bo‘lsa, doim hind choyi ichasan...» Mening qarindoshlarim, ammam ham, amakim ham shaharda o‘qiyotganim uchun o‘zlaricha qo‘rsayib yurishardi. Obro‘-e’tiborli hunar egasi bo‘lib qaytsam, xudo xohlasa, nufuzli odamlardan biriga aylanib qolishim tayin edi. Ta’tilga kelgan paytlarim ular mendan hech narsalarini ayashmasdi: to‘ygunimcha ovqatlantirishardi, tirnoqlab yig‘ib qo‘ygan pullarini cho‘ntagimga tiqishardi. Qo‘shni cholning gap-so‘zlarini eshitishgandan keyin kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qoladilar.

   Ta’tilga borgan paytim Qoraqiz ejam xafa bo‘lib, yuzimga tikilib o‘tirdi-da, xo‘rsinib:
   —   Odamlar orasida yurgan mish-mishlarga qaraganda, shaharda yurib sen eshakchilik ilmini o‘rganayotgan emishsan, — dedi. — Chirog‘im, bu nimasi bo‘ldi? Yoki boshqa o‘qiydigan ilmgoh yo‘qmikan? Agar eshakchilik ilmini o‘rganishga juda ishtiyoqmand bo‘lsang, marhamat, ular ovulimizda ham yetarli...

   Uyatdan qizarib-bo‘zarib ketganim, ochiq ko‘ngul qarindoshlarim qarshisida o‘zimni oqlash uchun behuda uringanlarim hali-hali yodimdan chiqmaydi. Axir, ular mening mo‘jizaviy kelajak sohibi bo‘lishimni orzu qilishardi.

   Ularning soddadilligi,   bolalarcha go‘llik xalqimizga xos xususiyatlardan bo‘lib, boya eslatib o‘tganimiz,   «sahroyi   akademiya»ning  asoslaridan   birini tashkil etadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:13:37
   Shoxonov. Bir gal do‘stingiz Seytali Bekmambetovni biznikiga boshlab kelgan edingiz. Oromijon yoz kunlari edi. Qimiz ichib o‘tirib, o‘tgan kunlarni eslashdik, uzoq suhbatlashdik.

   Aytmatov. Darvoqe, urush yillari qo‘liga qurol ushlashga yaraydigan kishilar yoppasiga frontga safarbar etildi. Ovulimizda qari-qartanglar, xotin-xalajlar va o‘n uch-o‘n to‘rt yashar bolalar qoldi, xolos. Biz o‘smirlar asosiy suyanchiq bo‘ldik. O’zining ishlari boshidan oshib-toshib yotgan kolxoz raisi bizga o‘xshagan bola-baqralarni maktabdan haydab chiqib, ularga vazifa berardi. O’sha paytlari men Shakar va Archagul qishloq sovetlari bo‘yicha pochtalon etib tayinlandim. Seytali bo‘lsa, «ko‘tarilib» ketdi — uni maktab direktori vazifasiga tayinlashdi. Oz-moz savodi bor bolalar muallimlik qilishardi. Ular sanashni bilsalar kifoya edi.

   Shoxonov. Bir gal uchrashib qolgan paytimiz Seytali Siz haqda batafsil gapirib bergandi.

   «Chingiz ikkovimiz qandaydir aniq bir vazifani bajarayotgan bo‘lsak-da, lekin kunlar isib, bahor kelishi bilanoq boshqalar qatori qishloq xo‘jalik ishlarida tengma-teng qatnashardik. Sinfdoshlarimiz To‘xtasin, Boyizbek, Alimbek bilan doim birga yurardik. Hamma joyda beshalamizni uchratish mumkin edi. Tong otar-otmas o‘rnimizdan turib, to qora xuftongacha mehnat qilardik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:14:28
   Kunlarning birida kolxoz raisi beshalamizdan faqat Chingiz ikkovimizni ajratdi-da, Maymoq stantsiyasiga jo‘natdi. Ho‘kiz qo‘shilgan aravalarni bug‘doy solingan yirik qoplar bilan to‘ldirib, har kuni stantsiyaga qatnardik. Boqimbeg‘am ho‘kizlarni faqat qamchi yordamida joyidan jildirish mumkin edi. Bug‘doy qabul qiladigan punktga jaziramada, tushdan keyin yetib borardik. Qabul punktining mudiri Naumenko uzoqdan imillab kelayotgan aravamizga ko‘zi tushgan zahoti kulumsirab yo‘limizga peshvoz chiqardi. Rus tilini yaxshi biladigan Chingiz u bilan bemalol gaplashardi. Bu hol ishimizga faqat foyda keltirardi. Chingiz menga nisbatan xiyla kuchli, chaqqon edi. U zil-zambil qopni yelkasiga ortib pilapoyadan yuqoriga ko‘tarilayotgan paytda men o‘zimcha g‘ururlanib qo‘yardim. Aksariyat odamlar bug‘doy xirmoni uzra yotqizib qo‘yilgan yog‘och pillapoyalardan qoplarni yumalatib chiqarishardi.

   Ishimizni bitkazib, ovulga qaytardik. Qaytishda ho‘kizlar ildamroq yurishardi. Ba’zan tosh yo‘lda poyga o‘ynardik. Aravalar bo‘m-bo‘sh bo‘lardi.

   Olis yo‘l davomida tamaddi qilib olganimizdan so‘ng kayfiyatimiz ko‘tarilib, hatto qo‘shiq ayta boshlardik. Chingiz rus klassiklarining kitoblarini doim o‘zi bilan birga olib yurardi. Gohida o‘qigan kitobining mazmunini menga juda qiziqarli hikoya qilib berardi. Yanglishmasam, 1944 yil edi, shekilli, Chingizning xonasiga kirsam yolg‘iz o‘zi o‘tirgan ekan. Meni ko‘rib suyunib ketdi,

   —   Seytali, rayon markaziga borib kelish kerak. Kirovkaga borib, zayom pullarini topshirish lozim. Yo‘l olis, pul bilan yurish xavfli. Ikkovimiz borsak bo‘lmasmikan? Arava tayyor turibdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:15:14
   Maktabda ishlarim tiqilib yotgan bo‘lsa-da, do‘stimning iltimosini rad etolmadim. Ertasi kuni tush payti so‘rab-surishtirib o‘zimizga kerak tashkilotni topib bordik. Ho‘kizlarni sug‘orib, zog‘ora nonimizni kavshay boshladik. Shu chog‘ keng yelkali, qora mo‘ylovli bir yigit yonimizga yaqinlashib:
   —   Ey, bolalar, nima ish bilan keldilaring? — deb so‘radi.
   Biz nima uchun kelganimizni oqizmay-tomizmay gapirib berdik.
   —   Sen kimning o‘g‘lisan? — deb so‘radi u Chingizdan.
   —   To‘raqul Aytmatovning o‘g‘liman, — deb javob berdi Chingiz.
   Boyagi yigit birdan qiyqirib yubordi:
—O’-o‘, chirog‘im, bormisan! — deb ko‘zlari yoshlandiyu Chingizni bag‘riga bosib, yuzlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pa ketdi.
—Men Qojomqul amaking bo‘laman. Rayon jamg‘arma kassasining mudiriman. To‘raqul og‘am meni oyoqqa turg‘izgan. Uning oldida umrbod qarzdorman...

   Ma’lum bo‘lishicha, u oila a’zolari bilan rayon jamg‘arma kassasidagi xonalardan birida yashar ekan. Aravada o‘tirgan biz bolalarni u qo‘yarda-qo‘ymay uyiga olib ketdi va aziz mehmonlardek to‘riga o‘tqazdi. Hisob bo‘yicha zayom pullarini qabul qilib, qo‘limizga kvitantsiya yozib berdi. Ertasi kuni ovulga kuzatayotib:
   —   O’zingga kiyim-bosh sotib olgin. Chirog‘im, hozircha qo‘limdan keladigan yordam shu, xolos, — deb Chingizning cho‘ntagiga bir dasta pul solib qo‘ydi.

   O’sha yilning kuz faslida biz Chingiz ikkovimiz Jambulga jo‘nadik. Qojomqul amaki bergan pul bizga sira tinchlik bermay qo‘ygandi. «Otchopar» bozorini rosa aylandik; oxiri tanlab-tanlab ikkita gimnastyorka, shimlar, yulduzi porlab turgan telpaklar, charm tasmalar xarid qildik. Panaroq joyga o‘tib kiyimlarimizni yangisiga almashtirdik-da, bozordan to‘ppa-to‘g‘ri qizil askarlar huzuriga bordik...»

   Sizning bolaligingiz bilan bog‘liq yana bir voqea yodimga tushdi. Bir safar mutlaqo tasodifan Muso Qosimov degan kishi bilan uchrashib qoldim. U qishloq xo‘jaligi institutida Sizdan ikki bosqich quyida o‘qigan ekan. Juda odamshavanda inson. U ba’zi bir qiziq voqealarni gapirib berdi. Siz u paytlari Qirg‘izistondagi chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutida veterinar bo‘lib ishlar ekansiz. Yosh edingiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:15:54
   Aytmatov. To‘g‘ri, 1956 yili Gorkiy nomidagi Adabiyot institutiga ketayotib, o‘z ishimni o‘sha Musoga topshirgan edim.

   Shoxonov. Qizig‘i shundaki, Muso Sizning yozuv stolingiz tortmasidan rus tilida bitilgan ikkita ilmiy ish topib oladi. Ulardan biri mashinkada yozilgan, ikkinchisi qo‘lyozma ekan. Ilmiy maqolalardan birining nomi  «Sigirni uch marta sog‘ish yetarlimi?» bo‘lsa, ikkinchisi «Hayvonlar ozuqasida makkajo‘xorining miqdori» deb nomlangan edi. O’sha maqolalarni Muso qirq yildan beri o‘z oilasida juda noyob osori atiqa sifatida asrab kelayotir. «Ehtimol, Chikega kerak bo‘lib qolar. Agar kerak bo‘lmasa, shunchaki tomosha qilib ko‘radi», dedi u yaqinda va menga maqolalardan nusxa ko‘chirib berdi.

   Muso quyidagilarni hikoya qildi:
   «Chike, ilmiy tadqiqot institutining fermasiga zootexnik bo‘lib ishga kelishi bilan bir nechta yangilik joriy etadi. Bunday yangiliklar o‘sha paytgacha hech kimning xayoliga kelmagan edi. O’zi ham bevosita shu bilan shug‘ullanadi. 1950 yillarning o‘rtalarida Qirg‘izistonda zotdor sigirlar yo‘q hisobi edi. Keyinchalik Leningrad viloyatidan zotdor buqalar keltiriladi. Natijada sigirlarning zoti yaxshilanadi va sut yog‘liroq bo‘ladi. Otlarning zotini yaxshilash uchun ham Chingiz ko‘p ishlar qiladi.

   Ishonchim komilki, agar Chingiz mashhur yozuvchi bo‘lmagan taqdirda, u albatta chorvachilik sohasining yetuk mutaxassisi, akademik bo‘lardi».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:16:24
   Aytmatov. Yaqin kishilaring doim seni sal ko‘pirtirib maqtaydilar. Bo‘lmasam, nima bo‘lishingni kim biladi. Taqdir deganlari juda qiziq narsa... Bo‘tam, kel, endi o‘zing to‘g‘ringda gaplashaylik.

   Esingdami, yaqinda sen, men va dramaturg Qaltoy Muhammadjonov bilan birgalikda Toshkentga borgan edik. Yo‘l-yo‘lakay otayurting bo‘lmish Janubiy Qozog‘istonga kirib o‘tdik, Xoja Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat qildik. Musulmon olamida «ikkinchi Makkai mukarrama» deb nom qozongan Turkiston xonaqohining tuprog‘ini tavof etdik. Sening navqiron qarindoshlaring Serik Seytjonov, Olimjon Qurtaev, Quvonish Aytaxonovlar bizni mehmon qildilar. O’tror to‘g‘risidagi ularning qizg‘in hikoyalarini berilib tingladik. Ilgari ham sendan O’tror, Asrlonbobo, muqaddas Turkiston to‘g‘risida ko‘p rivoyatlar eshitganman. Ikki gapning birida O’tror nomini tilga olasan. Keyinchalik oq she’r vaznida botirlar jasoratini kuylay boshlading. Beixtiyor o‘ylayman: sen otayurting bilan juda qattiq bog‘langansan. O’z vaqtida O’tror to‘g‘risidagi dostoning ham menda kuchli taassurot qoldirgan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:17:09
   Shoxonov. Chike, o‘sha doston otayurtim tarixida ro‘y bergan fojiaviy hodisalar to‘g‘risida edi. Otam eski yozuvni yaxshi bilardi. Arab imlosida yozilgan qissa va dostonlarni bemalol o‘qirdi. Ko‘hna rivoyatlarni yaxshi ko‘rardi. Ma’lum ma’noda, otam mullo edi.

   «Batraklarga qo‘shilgin,
   Boylar bilan mullolarni
   Qamchilab haydagin», deb yozgan edi bitta shoir.

   Mana shunday siyosat natijasida quvg‘inga uchragan otam o‘z vatanini tark etib, Tolibi tumanidagi Qashqasuv ovuliga kelin bo‘lib tushgan qizi Izzatning uyiga ko‘chib ketadi. Men u paytlari chillasi chiqmagan go‘dak edim.

   To‘qqiz yoshga to‘lgan paytim otam vafot etadi. Hali-hali yodimda, otam meni tizzasiga o‘tqazib, O’trorni dushmanlardan qahramonlarcha himoya qilgan yovqur bobolarimiz to‘g‘risida hikoyalar so‘ylardi.

   U meni bolalik chog‘imdan kindik qonim tomgan yurtga muhabbat ruhida tarbiyalamoqchi bo‘lardi. Onam ba’zan: «Hali kichkina, tushunarmikan?» deb shubha bildirardi. «Tushunishi kerak. Agar tushunmasa, o‘ziga qiyin bo‘ladi. Chuqur ildiz otmagan daraxtning umri qisqa bo‘ladi», deb javob qaytarardi otam.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:17:47
   Butun dunyoni zabt etishga qaror qilgan Chingizxonning son-sanoqsiz qo‘shini yashin tezligida hujum boshlaydi. Osmono‘par minorlari bo‘lmagan Markaziy Osiyodagi yirik shaharlar sanoqli kunlar ichida dushmanga taslim bo‘ladi. Yo‘lida uchragan to‘siqlarni changini chiqarib kelayotgan yov qudratini ko‘rib talvasaga tushib qolgan ayrim hokimlar shahar darvozalarini o‘z qo‘llari bilan ochib berganlar. Faqat O’trorgina olti oygacha yovga taslim bo‘lmaydi. Faqat O’tror bosh egmaydi, aholisi qirilib ketguncha qarshilik ko‘rsatadi...

   Chingizxon: «O’trorda birorta ham erkak zoti qoldirilmasin!» deb farmon beradi. O’trordagi barcha erkaklar qahramonlarcha halok bo‘ladilar. Faqat bitta sotqin tirik qoladi, xolos. Mana shu rivoyatni qayta-qayta so‘ylashdan otam sira charchamasdi. Bukilmas Qayirxon va sotqin yigit to‘g‘risidagi tarix men uchun juda katta saboq bo‘ldi. Birgina ana shu rivoyat sharofati tufayli otam ham, O’tror ham mening g‘ururimga aylandilar. Darhaqiqat, tarbiyaning eng oliy ko‘rinishi — tuyg‘ular tarbiyasidir.

   Ehtimol, yoshlik paytimdan otam donishmandlarga xos sabr-toqat bilan meni bobomeros yurtimizni sevishga o‘rgatgani, shuningdek, unga munosabatimning shakllanishi va chin dildan samimiy hurmat paydo bo‘lishi hayot yo‘limni belgilab bergan bo‘lsa-da ajab emas. Otam o‘z umri mobaynida amal qilib o‘tgan tutum men uchun ham o‘zgarmas qoida bo‘lib qoldi. Bitta misol keltiraman. Nima uchunligini bilmayman-u, ammo otam tushgacha soch-soqolini qirmasdi. Qiziq, men shu yoshga yetgunimcha hech qachon tushgacha soch-soqolimni qirmaganman. Bu holatda hech qanday favqulodda ma’no bo‘lmasa kerak. Axir, otam shunday yashagan. Shu irim tufayli ko‘pincha noqulay ahvolga tushib qolardim. Bir kuni Amerikaga uchib ketadigan bo‘lib qoldim. Samolyot aynan tush payti tayyoragohdan osmonga ko‘tarilar ekan. Lekin, men sochimni oldirishim kerak edi. Ertalabdan to tushga qadar soch-soqolni bemalol qirdirishim mumkin. Biroq, bolalikdan buyon amal qilib kelayotganim taomilni buzishim kerakmi? Buni tasavvurimga sig‘dirolmasdim. Xullas, o‘shanda boshqa bir qit’aga soch-soqolimni oldirmasdan uchib ketgan edim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:18:24
   1992 yili O’trorda yurtdoshlarimning iltimosiga ko‘ra mening ijodiy kecham bo‘lishi kerak edi. Jazirama yoz oxirlab qolgandi. Quyosh ayovsiz kuydirardi, qilt etgan shabada yo‘q. Dim. Oz emas, ko‘p emas, uch ming nafar yurtdoshim meni tuman chegarasida — markazdan o‘ttiz chaqirim narida kutib oldilar. Otamni ko‘rgan mo‘ysafidlar, oq ro‘molga burkangan onaxonlar meni bag‘irlariga uzoq bosib turardilar. Nafasim bo‘g‘ilib, o‘lay derdim. Mahalliy shoirlar biri qo‘yib, biri o‘z she’rlarini o‘qiydilar. Sahro bo‘ylab qo‘shiq, g‘ayrat bilan raqs tushayotgan kishilarning qiyqiriqlari taraldi. Uchta kampir ichiga O’tror tuprog‘i solingan zarhal hoshiyali tumor tikib, bo‘ynimga osib qo‘yishdi.

   — O’g‘lim, qaerda yursang ham mana shu muqaddas tuproq seni yomon ko‘zlardan asrasin! — deyishdi.

   Men o‘z xalqimdan hurmat-e’tibor topdim, ko‘p sovg‘a-salomlar oldim. Olis mamlakatlarda ham menga mukofotlar berishgan. Ammo, otayurt tuprog‘i solingan tumordan qadrliroq birorta mukofot olmaganman. U meni nihoyatda to‘lqinlantirib yuborgan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:19:11
   Aytmatov. Gaplaringni eshitib o‘tirib, bir narsani eslab qoldim: qadim zamonlarda ota-bobolarimiz olis safarga otlansalar, bir siqim tuproqni bellariga tugib ketishar ekan. Askar yigit jangga otlansa, uyda qoladigan xotini yoki mahbubasi unga butun nonning bir chetini tishlatib olar ekan. Keyin kemtik nonni asrab qo‘yarkan. Xalq udumiga ko‘ra, kimning rizq-nasibasi uyda qolgan bo‘lsa, u albatta sog‘-salomat qaytib keladi.

   Shoxonov. Chike, endi men Sizga tarixiy xotira bobida qanday saboq olganim to‘g‘risida gapirib beraman.

   Sergey Tereshchenko degan yurtdoshim bor. Maqol-matallar bilan bezatilgan uning qozoqcha nutqiga ayrim qozoqlar havas qiladilar. U bir necha yil davomida komsomol tashkilotlarida ishladi, Chimkent viloyati partiya qo‘mitasiga yetakchilik qildi. Keyinchalik respublika Vazirlar Kengashining raisi bo‘ldi. Sergeyning otasi uzoq yillar mobaynida Tulqubos tumanidagi yirik xo‘jalikni boshqardi. U Sotsialistik Mehnat Qahramoni, xalq hurmatini qozongan inson. Bir so‘z bilan aytganda, ikkovi ham tugilgan yurtida chuqur iddiz otgan zotlardan.

   Mening do‘stim, Mo‘g‘ilistonning birinchi kosmonavti Jugdemediyn Gurragchani Siz ham tanisangiz kerak. Aytmoqchi, u Sizning har xil tillarda chop etilgan kitoblaringizni to‘plab yuradi. «Agar yana bir marta kosmosga parvoz qilsam, albatta Aytmatovning asarlarini o‘zim bilan birga olib ketaman», deb bir necha bor ta’kidlagan. O’sha kosmonavtni o‘z yurtimga taklif etdim-da, yo‘l-yo‘lakay Sergey Tereshchenko huzuriga kirdim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:19:48
   — Mo‘g‘il do‘stingga O’trorni va boshqa shaharlarning xarobalarini ko‘rsatgin. U o‘zining bobolari yer yuzidan supurib tashlagan shahar qoldiqlarini ko‘rib qo‘ysin. Balki, u o‘ylanib qolar, — dedi Sergey miyig‘ida kulib.

   O’sha payt shoshib turganim uchunmi, Sergeyning hazilomuz gaplariga unchalik e’tibor bermadim. Oradan ancha-muncha fursat utgach, bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur bo‘ldim.

   Nihoyat, biz O’tror tuprog‘iga qadam qo‘ydik. Tuman rahbarlari bizni quchoq ochib qarshi oldilar. Yaqinda barpo etilgan Forobiy nomidagi Madaniyat saroyida oqshom payti biz bilan uchrashuv rejalashtirildi. Safar arafasida Qonjigit Sizdiqov bilan Abulqosim Qulumbetovdan menga «O’trorning faxriy fuqarosi» unvoni berilgani to‘g‘risidagi xushxabarni eshitgan edim. Safardosh do‘stim ham esimga tushdi. O’sha paytlari yer kurrasini aylanib chiqib, qaytib tushgan kosmonavtga qo‘ngan joyining «faxriy fuqarosi» unvoni berilardi. An’ana shunday edi. Olmaotadagi To‘qimachilik fabrikasi Sovet Ittifoqidagi birinchi kosmonavt-ayol Tereshkova nomida bo‘lsa, Qozog‘istondagi yuzlab maktablar, ko‘chalar Gagarin, Titov, Nikolaev nomlarida edi. Shuning uchun o‘yladimki, agar Gurragchaning Janubiy Qozog‘istonga, boz ustiga, O’trorga ilk bora kelayotganini inobatga olib, unga ham faxriy unvon in’om etilsa, birov e’tiroz bildirmasa kerak. Mafkura nuqtai nazaridan bunday hodisa xalqlar do‘stligining ko‘rinishi sifatida baholanardi. Biroq, o‘sha paytlari tuman rahbari bo‘lib turgan Muhammadqosim Shakenov bir oz chaynalib qoldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:20:32
   — Muxtor, sizning fikr-mulohazalaringizga qo‘shilaman. Lekin, keling, avval bu masalani oqsoqollar bilan muhokama etib ko‘raylik, — dedi u.

   Erta bahor edi. Ko‘m-ko‘k bo‘lib qolgan dashtu dalalar oftob ostida erkalanib yotardi. Gurragcha ikkovimiz O’tror xarobalari oralab rosa kezdik. Bu xarobalar o‘rnida bir paytlar gullab-yashnagan shahar bo‘lganiga sira aql bovar qilmasdi. Vaholanki, O’tror Buyuk Ipak yo‘li ustida joylashgan, o‘n olti ming nafar aholi istiqomat qiladigan madaniyat va savdo-sotiq markazi edi. Omi odam bo‘lsa, o‘sha paytlardayoq bu shaharga suv quvurlari yotqizilganini afsona bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi. O’z paytida aynan O’tror yuksak madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan: Abu Nosir Forobiy kabi tarix, falsafa, tabobat, ilmi nujum, riyoziyot fanlarining ulkan namoyondalari yetishib chiqqan edi. Chingizxon qo‘shini tomonidan yo‘q qilib yuborilgan   o‘sha  madaniyat  tarix   sahnasidan  tushib  ketadi.

   Xalq xotirasi qadim zamonlarda ruy bergan vahshiyliklarni hamon unutgan emas. Butun boshli urug‘-aymoqlarni qirib yuborish niyatida homilador ayollarning qorni yorib tashlanadi, go‘daklarni esa osmonga irg‘itishib, nayza tig‘iga sanchib oladilar. Mudhish voqealarning birdan-bir guvohi bo‘lib ana shu quyosh ostida jizg‘anagi chiqib yotgan xarobalaru mozor sukunati qolgan, xolos.

   O’lik shahar bilan xayolan suhbat qurib, nihoyat, pastlikka enib bordik. Ko‘m-ko‘k o‘tloqqa gilamlar, to‘shaklar yozilgan, dasturxon bezatilgan, mis samovar vaqirlab qaynayotgan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:21:23
   Chingizxon misli ko‘rilmagan shafqatsizlik bilan mening otayurtimni tuproqqa qorib, shu yerlik aholining tuxumini quritib, insoniyat taraqqiyotini yuz yil orqaga itqitib yuborgach, oradan yetti yarim asr vaqt o‘tib, biz o‘trorliklar avlodi bir dasturxon atrofida Chingizxonning avlodi bilan do‘stona suhbatlashib o‘tirishimizni kim xayoliga keltiribdi deysiz! Vaholanki, biz aynan o‘sha yovuz daho kulini ko‘kka sovurgan shahar xarobalari poyida, bir-birimizga hech qanday dushmanlikni ravo ko‘rmagan holda bamaylixotir o‘tirardik.

   Ko‘p o‘tmasdan bizning huzurimizga bir nechta otliq mo‘ysafid kelib, egardan tushdi. Ular orasida kamina juda hurmat qiladigan oqsoqollar Musobek Ajibekov, Qutum O’rdaboevlar ham bor edi. Ayniqsa, Janubiy o‘lkaning solnomasini yaratgan donishmand oqsoqol Adham Shilterxanovni boshqacha e’zozlardim. U kishi endi tarixiy mavzularga ham qo‘l urgandi.

   Salom-alikdan so‘ng, ular meni bir chetga boshlab chiqdilar.
   — Muxtorjon, tuman rahbariyatiga sen bir iltimos bilan murojaat qilgan ekansan. Xalqimiz odatiga ko‘ra, sening do‘sting, mehmoning bo‘lmish Mo‘g‘ilistonning birinchi kosmonavtiga qo‘limizdan kelgancha izzat-ikrom ko‘rsatamiz. Lekin, sen taklif etganday, unga O’trorning faxriy fuqarosi unvonini berish masalasiga kelsak... Agar uning ota-bobolari vahshiylik qilmaganda bizning O’tror shu kunlarda ham qo‘r to‘kib turmasmidi? Zangor minoralarini ko‘rib, ko‘zlarimiz  quvonmasmidi?   O’trordan  tashqari,  Sirdaryo havzasidagi yer yuzasidan supurib tashlangan qirq ikki shahar to‘g‘risida nima deysan? To‘g‘ri, bu ishlarda Gurragchaning nima gunohi bor, deb so‘rashing mumkin. O’zimiz ham juda yaxshi bilamiz, bu ishlar uchun u gunohkor emas. Lekin, baribir ota-bobolarining qilmishi uchun Gurragcha ham javobgar. Chunki, uning tomirida oz bo‘lsa-da bobolarining qoni oqyapti. Bizning gaplarimizni tarix xotirasi haqqi-hurmati aytildi deb qabul qilgin. Eski gina-kuduratlarni dilga tugib yurish bizning odatimiz emas. Biroq, tarixni butunlay unutib yubormasligimiz kerak. Shularni o‘ylab ko‘r.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:22:18
   Uch mo‘ysafid otlariga minishib, kelgan tomonlariga qaytib ketishdi.
   O’sha payt ko‘zlarim yarq etib ochilib ketganday bo‘ldi. Xudoyim-ey, shoir degan nomim bo‘lishiga qaramasdan, bu qariyalar oldida naqadar havoyi ekanman. Axir, xalq xotirasini aynan shular avaylab-asrayaptilar-ku! Otamni esladim. Ma’lum bo‘lishicha, O’tror to‘g‘risida otam so‘ylab bergan rivoyatlarning ma’nosini tushunmagan ekanman. Gap buyoqda ekan...

   Keyinchalik, mo‘ysafidlar bilan bo‘lgan suhbat mazmunini Gurragchaga so‘zlab berdim. O’ chin dildan bunday dedi:
   — Qadrli shoir do‘stim, sening baxting shundaki, ovulda ana shunaqa donishmand bobolaring bor. Ular seni xatoliklardan asraydilar, milliy tarix xotirasini aslo unutmaydilar.

   Aytmatov. Rostdan ham, g‘alati hodisa. Mas’uliyatli damlarda odam yetti o‘lchab, bir kesishi kerak. Tokim, noto‘g‘ri xatti-harakati bilan avlodlar manfaatiga zarar yetkazib qo‘ymasin. Biroq, amalda doim shunday bo‘lavermaydi. Daryo-daryo qon oqizib, yarim dunyoni zabt etgan Chingizxon o‘sha paytlari shu haqda o‘ylaganmikan? Aksincha, zobitning fe’l-atvori har qanday fikr-mulohazani bir chetga uloqtirib yuboradi. Mana, asrlar o‘tdi. Albatta. bunda Gurragchaning zig‘ircha ham aybi yo‘q. Ovul oqsoqollari ham buni yaxshi tushunganlar. Ammo, tarix qonuniyati doimiy harakatda bo‘ladi. Tarix xotirasini nazar-pisand qilmaydigan kimsa oxir oqibat manqurtga aylanib qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:22:48
   Agar o‘tgan davrlarning sarg‘argan sahifalari varaqlab ko‘rilsa, xalqlar o‘rtasida ko‘plab to‘qnashuvlar ro‘y berganiga ishonch hosil qilish mumkin. Xo‘sh, tarix xotirasiga sodiq qolamiz deb biz Chingizxon qilmishlari uchun butun mo‘g‘il xalqini yoki Gitler qilmishlari uchun butun olmon xalqini aybdor sanashga haqqimiz bormi? Misol uchun, bir zamonlar Angliya bilan Frantsiya o‘rtasida yuz yillik muhoraba bo‘lgan edi. Lekin, inglizlar ham, frantsuzlar ham hozir bir-birlarini o‘sha urushlar uchun aybdor deb bilmaydilar, aloqalarini buzmaydilar.

   Tarix xotirasining tor qoliplari ichida o‘ralashib yurish ham millatni to‘g‘ri yo‘lga olib chiqmaydi. Ayni paytda, o‘tmishning butunlay unutilishi ma’naviy manqurtchilikka eltib qo‘yadi.

   Oqilona yo‘l shundan iboratki, umuminsoniy madaniyat taomillariga suyangan holda tarozi pallalari muvozanatini barobar ushlab turish kerak. Shuning uchun ham bu falsafa «sahroyi akademiya» deyiladi. O’tmish tajribalaridan unumli foydalanilgan holda kelajakni ko‘zlab, insoniyat jamiyatining qonun-qoidalariga rioya etib ongli hayot kechirishni o‘rganish lozim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:23:42
   Shoxonov. Bolalik paytlarimdan esimda qolgan: keksa kishilar quyosh botishini kuzatib o‘tirishib: «Umrning ko‘pi ketib, ozi qoldi», deyishardi. O’sha chog‘lari bitta afsona eshitganman.

   Qadim zamonlarda Sirdaryo sohilida bitta boy yashagan ekan. Bir kuni suv toshqini ro‘y beradi. Boyning to‘plab qo‘ygan davlati ham, mol-qo‘yi ham oqib ketadi. Boy yuzishni bilardi. U bir iloj qilib omon qoladi. Dir-dir titrab qirg‘oqqa chiqar ekan, tizzasigacha suvga botib turgan holda: «Xudoyim, qolgan umrimni munosib o‘tkazishim uchun imkon ber», deb nola qiladi. Uni kuzatib turgan havoyi yigitcha: «Oqsoqol, yoshingiz yetmishdan oshib ketdi. Shu paytgacha yiqqan-terganingizdan ajraldingiz. Yana qanday munosib umr haqida gapiryapsiz?» deydi piching aralash. U otiga qamchi urib, qayoqqadir ketadi.

   Doimiy o‘zgarishda bo‘lgan dunyoda o‘zgarmas narsa bormi?
   Oradan ancha yillar o‘tadi. Bir yili qurg‘oqchilik bo‘ladi. Piching qilgan o‘sha navqiron yangiboy bitta bo‘xcha bilan qoladi. Uning mol-qo‘ylari qirilib ketadi, qarindoshlari ham ochlikdan o‘ladilar. O’zi esa qornini to‘ydirish uchun daydib yuradi. Och-yalang‘och bechora Sirdaryo yoqalab daydib yursa, bir joydan chiqayotgan tutunga ko‘zi tushib qoladi. O’sha tomon yo‘l oladi va bitta o‘tov qarshisidan chiqadi. Tovush beradi. Ayol eshikni ochib, uni to‘riga o‘tqazadi. Mehmonning ochligini ko‘rib, unga ovqat beradi. Oshiq o‘ynab o‘tirgan bolakaylar sho‘xlik qiladilar.
   —   Ovqatlanib oling, dam oling. Hademay xo‘jayin ham kelib qoladi, — deb ayol uy yumushlari bilan ovora bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:24:51
   Birmuncha fursatdan so‘ng o‘tovga soqoli ko‘ksiga tushadigan chol kirib keladi. Ular bir-birini darhol taniydilar. Ovqatlanib bo‘lgach, chol mehmonga yuzlanib:
   —   Sen meni kalaka qilib ketganingdan keyin men sohil bo‘ylab yo‘lga chiqdim va mana shu ovulga yetib keldim. Bu yerda hamdardlik bilan qabul qilishdi, ovqat berishdi, issiq kiyim berishdi, yordamlarini ayashmadi. Ushbu o‘tovning sohibasi beva ekan. Bir oz o‘tgach, ikki yortidan bir butun bino qildik. Hozir mening hamma boyligim — anavi shumtakalar. Mol boqyapmiz. Tirikchilik bir navi o‘tib turibdi. O’shanda men xudodan shu narsalarni so‘ragan edim. Niyatimga yetdim. Ollohdan ming bir marta roziman. Mana, umrimning qolganini munosib o‘tkazyapman. Boylik-qo‘lning kiri, bugun bor bo‘lsa, ertaga yo‘q bo‘ladi. Chirog‘im, sen bir zamonlar juda qattiq adashding. Endi imon keltirdingmi, odamning xatosi sopqonday qaytib kelib boshiga tushadi.

   Chike, bu afsonani to‘la keltirishimga sabab shuki, biz erta-indin qolgan umrimizni ham munosib yashab o‘tishimiz uchun xudodan imdod so‘raydigan yoshga yetib boramiz.

   Aytmatov. Bu gaplaringda jon bor. Quyosh botayotgan mahal: «Umrimning ko‘pi ketib, ozi qoldi», deb eslab turish kerak.
   Yer yuzasida yurgan har bir xom sut emgan banda, albatta, taqdiri azaldan qolgan umrini munosib o‘tishini tilamog‘i darkor. Shunday payt bir kun bo‘lmasa, boshqa kuni keladi. Shu muddatga ochiq yuz bilan, hayot so‘qmoqlarida uchragan mushkulotni mardonavor yengib kelishni xudo bizga nasib etsin!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:25:50
   Shoxonov. Inson tug‘ilgan damdan, to u aqlini tanib, shaxs sifatida kamol topguncha otayurt unga qattiqqo‘l va mehribon murabbiy bo‘ladi.

   Quyoshga intilib to‘zon bag‘rida
   Mana shu ko‘rimsiz yantoq gullaydi.
   Kim uchun? So‘rama, bordir taqdirda,
   Shu yobonda uning joni yayraydi,
   
   O’zga o‘t bo‘lsaydi unmasdi taqir,
   Chanqoqdan, issiqdan jismi jizganak.
   Sahroda faqat u shahanshoh axir,
   Suvgacha tomirlab otadi palak.
   
   Tomirlar qum aro suvga urar lab,
   Sahroning asrori ularga ayon.
   Bo‘ronlar qo‘psa-chi? Yoki shovullab
   Qum ko‘chsa, izidan kelmasmi qiron?
   
   Qum-to‘zon falakni qoplasa butkul
   Zulmatdo‘nadi — quyoshsiz osmon.
   Ushbu dam huvillab cho‘kadi ko‘ngul,
   Zir titrab qo‘rqadi borki tirik jon.
   
   Shunday payt qarasak tuyaqoringa,
   Koptokday yumalar shamol yo‘lida.
   Nogahon sakraydi, belanib changga,
   O’yinchoq ekanmi taqdir qo‘lida.
   
   Sahroda kun o‘tar mashaqqat aro,
   Eng mushkul sinovlar bizga atalib,
   Gar tuyaqorin bo‘lsang, baxting ham qaro —
   Ildizsiz yumalab, ketasan to‘zib.
   
   Va yoki bo‘ronning basma-bastini
   Qalqonday qaytargin tik turib mudom.
   Zotan, bilsang, tiriklikning aslini
   G’olib yaratadi, barqaror —davom.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:26:36
   Aytmatov. Odamlar ham shunaqa. Bitta afsona bor. Naql qilishlaricha, bir yigit yov qo‘liga asir tushadi. Uni yot o‘lkaga qul qilib sotib yuboradilar. Oradan yillar utadi. Yigit o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtini ham, ota-onalarini ham unuta boshlaydi. U yot o‘lkaga ko‘nikadi. Oxir oqibat sabr-toqati, aql-idroki, irodasining mustahkamligi tufayli o‘sha o‘lkaning hukmdori bo‘ladi. Yillar uchqur otday uchib ketadi. Hukmdor keksayadi. Kunlardan bir kuni uning otayurti taraflardan karvon keladi. Karvonda bir bog‘lam yovshan keltirilgan edi. Achchiq yovshan hidi dimog‘iga gup etib urilgan hukmdor olis yurtda qolib ketgan olis bolaligini, sho‘x-shodon o‘tgan kunlarini, qadrdon dashtu dalalarda terib olgan lolalarni bir-bir eslaydi. Beixtiyor ko‘zlarida yosh milt-milt qiladi, vatan sog‘inchidan yuragi bir xil bo‘lib ketadi. Endi uni yot o‘lkada hech narsa ushlab qololmasdi: ko‘pchilik orzu qiladigan toj-taxt ham, shon-shuhrat ham, boylik ham ko‘ziga ko‘rinmay qoladi. Qudratli hukmdor zudlik bilan otini egarlaydiyu otayurtiga yo‘l oladi...

   Otayurtga cheksiz muhabbat degani — atrofdagi bepoyon dunyodan yuz o‘girib, bir umr o‘z yurtingdan tashqari chiqmasdan yashash kerak degan ma’noni anglatmaydi. Agar biz qobig‘imizga o‘ralashib qolsak, hech qachon har taraflama taraqqiyotga erisha olmaymiz.

   Misol uchun, O’tror yoki Shakar yoshlari hozir dunyoga sochilib ketganlar. Birlari ta’lim olgani oshiqqan bo‘lsa, boshqalari xorijdan kasb-hunar o‘rganib kelish uchun ketganlar. Axir, ota-bobolarimiz: «Yurgan — daryo, o‘tirgan — bo‘yra», deb bekorga aytishmagan. Aslida ham shunaqa: kuch-quvvating bor paytda dunyo kezib, ilm olishing, boshqa xalqlar va mamlakatlar hayotini o‘rganishing lozim. Biroq, yer yuzasining qay bir burchagida yurmagin, otayurt sen uchun yagona. U bilan ma’naviy aloqani uzib yubormasang, hayotda munosib o‘rningni yo‘qotmaysan. Chunki, begona yurt, begona havo, begona suv hech qachon Vatan o‘rnini bosolmaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:27:10
   Biz otayurtga son-sanoqsiz ko‘zga ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langanmiz. Men sening, har bir insonning o‘z onasidan tashqari, yana to‘rtta onasi — sajdagohi bo‘lishi kerak, degan gaplaringga to‘la qo‘shilaman. Vatan ularning eng ulug‘idir.

   Ba’zi birovlar men vatansiz yashashim mumkin, ammo vatan mensiz yashay olmaydi, deyishadi. Kalondimoq kishilarning bunday gaplari bizga begona. Aksincha, bobomeros yurtimiz biz bo‘lmasak ham gullab-yashnayveradi. Lekin o‘zimiz yurtdan uzilib qolsak aslo yuksaklarga parvoz qilolmaymiz.

   Nafsilambirini aytganda, qachonki vatan omon ekan, biz ham omon bo‘lamiz!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 07 Mart 2009, 13:28:23
   
OLIS YULDUZ SHU’LASI
   YOKI
   BIR SIQIM TUPROQ

   Ota-bobolarimizni eslasak, bizni ajib his-tuyg‘ular chulg‘ab oladi. Ular uzoqqa ketmaganlar. Illo, o‘zimiz ham ularning qavatiga kirajakmiz...
   Mudom ularni yodlab turish bizning burchimiz, ularning xotirasi o‘zimiz uchun zarur. Ularning mozoriga tashlaganimiz bir siqim tuproq — bizni bog‘lab turgan rishta hisoblanadi.


   Chingiz Aytmatov

   Qarab turib tanimaslik — so‘qirmisan, ayt! Anglamaslik ayb emas deb, kimlar aytadi? Tushunishni istamaslik — bu ham jinoyat! Shunday bo‘lganmi? Bo‘lgan. Hisob-kitob tugamas hali.

   Muxtor Shoxonov
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:13:14
   Aytmatov. Ko‘ngilsiz voqea. Doim tush ko‘ryapman. Uzluksiz. Ko‘zlarimni yumgan zahotim tush ko‘raman. Tong otar-otmas uyg‘onib ketamanu nima gunoh qildim ekan, deb o‘ylayman.

   Ko‘pincha tushlarimga buyuk shaxslar kiradi. Ular bilan hech qachon uchrashmagan bo‘lsam-da, ammo ular haqda tasavvurga egaman. Ba’zan birorta tirik jonga aytmay yurganim sirlarimni ularga aytib qo‘yaman.

   Rostini aytsam, mo‘‘jizaviy tushlar meni xavotirga solib qo‘ydi, hatto do‘xtirga murojaat etdim. Xavotirlanishga hech qanday xojat yo‘q, hammasi joyida, dedilar. Yana ko‘zim ilingan zahoti g‘ira-shira manzaralar, hodisalar ummoniga sho‘ngib ketaveraman.

   Shoxonov. Menimcha, u tushlarning o‘ziga xos sabablari bor. Sizni sal-pal qo‘rqitib qo‘ymoqchiman. Rojer Jelyaznning aytishicha, «tushlar bizni kunduzdan ajratib turadigan harir pardalardir, har bir tush — vaqt qudug‘i». Tushda ruhimiz o‘zini o‘zi poklaydi. Tush ko‘rmaydigan odam haqiqiy hayotni ham ko‘rmaydi. Tushlar ijod ahliga qilingan tortiq, olam bilan suhbatdir... Ehtimol, asarlaringizdagi sir-sanoat tushlaringiz mahsuli bo‘lsa ne ajab?! Balki, Siz tushlaringizni adabiy tilga tarjima qilayotgandirsiz?!

   Tush ko‘rsangiz, xursand bo‘ling.
   Mana, biz so‘nib ketgan yulduzlar haqida gapiramiz. So‘ngan yulduzlarning eng oxirgi shu’lasi bizga million yillardan keyin yetib keladi.

   Odamlar ham shunaqa bo‘ladi. Foniy dunyo bilan xayrlashib, boqiylikka yuz tutgan ko‘pchilik odamlarning xotirasi so‘nmas yulduz misoli yashayveradi. Narigi dunyoga ravona bo‘lgan yulduzlar ko‘rinmas shu’lasi bilan tushlaringizni nurafshon etib, abadiyatdan darak berib turgan bo‘lsa ne ajab?! Kimningdir ushalmay qolgan buyuk armonini, go‘zal orzu-umidlarini, foniy dunyoning o‘nqir-cho‘nqirlariga urilib chil-chil singan ulug‘ maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, balki, Sizning chekingizga tushgandir?! Olislardan kelayotgan kimningdir tovushini eshitib, uni kelajak avlodlarga yetkazish Sizning burchingiz bo‘lsa ne ajab?!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:14:07
   Aytmatov. Gaplaring hazil aralash bo‘lsa-da, lekin jon bor. «Iliada», «Odissiya» dostonlarining muallifi bo‘lmish Gomer to‘g‘risida Aflotun: «Bu shoir butun Yunonistonning kuychisi», degan edi. Buyuk shoirlar xalqning o‘qituvchilari bo‘ladilar. Kim bilsin, agar ularning ezgu-niyat yo‘lidagi jonbozliklari bizgacha yetib kelmaganda bormi, taqdirimiz butunlay boshqacha bo‘lib ketishi ham mumkin edi.

   Agar o‘z davrining yulduzi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, mening hayot yo‘limni yoritgan birinchi yorqin yulduz — buyuk yozuvchi Muxtor Avezov edi. Bu voqea shunday bo‘lgan.

   Men u paytlari Frunzedagi Skryabin nomli qishloq xo‘jalik institutining talabasi edim. O’sha paytlarda «Manas» eposi masalasida ilmiy bahs-munozaralar qizg‘in tus oladi. Bizning xalqimiz qahramonlik eposini qirg‘izlarning ulug‘ tarixi sifatida qabul qilgandi. Lekin, o‘sha zamon talablariga ko‘ra, epos sotsialistik realizm metodining qonun-qoidalariga mos keladimi, degan masala kun tartibiga qalqib chiqqan zahoti ko‘pchilik o‘zini chetga tortadi. Nachora, Stalin mafkurasi har qanday asardan boylarni fosh etishni, kambag‘allarning yupun hayotini ko‘klarga ko‘tarib madh etishni va oxir oqibat ezilgan xalq o‘z hukmdorlariga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishini talab qilardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:14:58
   Ko‘pchilik zabardast adabiyotshunoslar e’tikrdi tufayli,  boshqalar  esa ijtimoiy tuzumning bachkana qonuniyatlariga moslashib, eposni rasmiyatchilik nuqtai nazaridan talqin etishga kirishadilar: Manas — eposning bosh qahramoni, uning otasi Jaqip — xon. Demak, Manas ham o‘sha daraxtning mevasi. Ma’lum bo‘lyaptiki, eposda sovet kishisiga yot bo‘lgan mafkura tarannum  etiladi! Mana  shunday ur-yiqit yillarda «Manas» boy-feodallar davrining dostoni degan tushuncha paydo bo‘ldi. Aslini olganda, bu «Kreml xo‘jasi»ning navbatdagi ahmoqona topshirig‘iga javob edi. Gazeta-jurnal sahifalarida eposni fosh etadigan maqolalar,   mulohazalar   paydo  bo‘la  boshladi.  Ulug‘vor «Manas»ning boshida qora bulutlar to‘planadi. Endi oxiri yomon bo‘lishi mumkin edi.

   Ayni o‘sha paytlarda eposni himoya qilib chiqqan halol insonlar ham bo‘ldi. Biroq, ularning ovozini hech kim eshitmasdi va eshitishni ham istashmasdi.
   Jamiyat bu borada hali aniq bir to‘xtamga kelib ulgurmagan bir paytda SSSR Fanlar akademiyasining Qirg‘iziston bo‘limida «Manas»ga bag‘ishlangan konferentsiya bo‘lajagi to‘g‘risida xabar tarqalib qoldi. Eposning taqdiri shunda hal etilar ekan. O’qituvchimizning ma’ruzasini oxirigacha eshitib bo‘lishimiz bilanoq biz talaba yoshlar majlis bo‘ladigan joyga qarab yugurdik. Yanglishmasam, bu voqea 1952 yilning kuzida ro‘y berdi. Akademiya binosiga kirish juda qiyin edi. U yerda lim-lim to‘la olomon, ko‘pchilik ko‘chada to‘planib turardi. «Manas» taqdiri odamlarni nechog‘lik tashvishga solib qo‘yganini bir ko‘rish kerak edi. Hamma nafasini ichiga yutib, «hukm» o‘qilishini sabrsizlik bilan kutmoqda. Men bir ilojini qilib, turtinib-surinib zalga kiriladigan joyga yetib oldim. Eshik yonida turganimcha bo‘ynimni cho‘zib, rayosatda o‘tirgan o‘n-o‘n besh kishini ko‘rdim. Rayosat o‘rtasida Qirg‘iziston Kompartiyasi markazqo‘mining birinchi kotibi Ishoq Razzoqov o‘tirardi. Uning o‘ng tomonidan Muxtor Avezov joy olgandi. Men u bilan yuzma-yuz uchrashmagan bo‘lsam-da, lekin kitoblarida suratlarini ko‘p marta ko‘rgandim. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan bu insondan ko‘zlarimni ololmasdim. Birin-ketin minbarga ko‘tarilgan notiqlar eposni obdon toptadilar. Avezov qilt etmasdan o‘tirardi. Har bir notiqning so‘zlarini sinchiklab tinglardi. Vaqti-vaqti bilan qo‘l ostidagi varaqqa bir nimalarni qayd etib qo‘yardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:16:24
   — «Manas» — bu partiyaning hozirgi siyosatiga yot bo‘lgan asar... U o‘z mohiyatiga ko‘ra bizning jamiyatimizda panturkizm g‘oyasini targ‘ib qiladi, — dedi partiya adabiyotchisi A. Borovkov.
   Bunday xurujni isbotlaydigan birorta dalil-dastak topolmagan notiq butun eposga loy chaplashga kirishib ketdi. Zal xuddi arining uyasi kabi g‘uvillab qoldi. Lekin, oshkora bo‘htonga qarshi e’tiroz bildirishga hech kimning haddi sig‘madi. Eshikdan tashqarida odamlar norozilik izhor etdilar. Bizning nazarimizda, xalqimiz shu tobda «Manas»dan mahrum bo‘lib qoladiganday edi. Qaltis bir vaziyatda Muxtor Avezov salmoqli odim tashlab minbar tomon yo‘l oldi.
   — Rostdan ham, «Manas»da boylar va boshqa aslzodalar to‘g‘risida yaxshi gaplar aytilgan bo‘lishi mumkin, — deb o‘z nutqini boshladi u. — Lekin, bu butun boshli bitta xalqning bebaho tarixi, uning qahramonona o‘tmishi, an’analari, ma’naviy merosi, avloddan avlodga o‘tib kelgan buyuk madaniyati, og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan sof she’riyati hisoblanadi. Vaqt o‘tgan sari kamol topgan, boyitilgan. Qirg‘iz xalqining hayotidan «Manas» yulib olinsa, butun xalqning tilini kesib olgan bo‘lamiz. Bizning jamiyatimiz shoshqaloqlikdan qachon qutiladi?  Qachongacha sallaning o‘rniga kallani olamiz? — dedi Avezov nutqining oxirida va bir oz sukut saqlagach, Borovkovga nazar tashlab qo‘ydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:17:17
   Borovkov esa xuddi o‘rdakka o‘xshab boshini yelkalari orasiga yashirib oldi.
   Qamrovdor dunyoqarashga ega bo‘lgan Avezov jahon adabiyoti  tarixining  teran   bilimdoni   sifatida, fikr-mulohazalarini falsafiy nuqtai nazardan kelib chiqqan holda ifodalay olgani uchun, qirg‘iz xalqining  ma’naviy  boyligini  bag‘oyat  e’zozlagani  uchun zalda ajoyib kayfiyat hukm sura boshladi. U nihoyatda usta notiq edi. Adolat yuzasidan aytganda, Avezovning tarixiy nutqidan keyin  «Manas»  eposi aksilsho‘raviy asarlarning qora ro‘yxatiga kirmay qoldi. Yozuvchining oqilona nutqini Ishoq Razzoqov ham zo‘r qoniqish bilan tinglab, boshi bilan tasdiqlab o‘tirdi. Qirg‘iz eposining bebaho ekanini tushunib o‘tirgan bo‘lsa-da,  lekin siyosat bilan hisoblashishga majbur edi. U his-tuyg‘ularini arang jilovlab turardi.  Bu hol yaqqol ko‘zga tashlanardi. «Manas»ni himoya qilib ko‘plab maqolalar yozgan Toshim Boyjiev o‘sha paytlari qamoqda  saklanayotgan  bo‘lib, ko‘pchilikning  yuragiga g‘ulg‘ula tushib qolgani bejiz emasdi.
   Tashqaridan odamlarning: «Suyunchi bering, suyunchi! «Manas» saqlab qolindi! Muxtor qani?!» degan qichqiriqlari eshitilgan paytda konferentsiya o‘z ishini tamomlagan edi. «Seni tuqqan onangga ham, butun qozoq xalqiga ham ming-ming rahmatlar bo‘lsin!» «Aqsarbas!» Ko‘zlarida sevinch yoshlari porlab turgan yuzlab odamlar bir-birlarini quchoqlashib qutlashardi. Go‘yo jonli xalq dengizi Akademiya devorlariga urilib, ko‘pirmoqda edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:18:16
   Shoxonov. O’sha paytlarda qozoq xalqining eng yaxshi badiiy asarlari — ertaklari, dostonlari ham qora ro‘yxatga tushib, gumdon qilingan edi. Avezovning o‘zi u paytlari ikki yil tutqunliqda yotib chiqib, qamoq qanaqa bo‘lishini ko‘rib kelgan edi. Ozodlikka chiqqandan keyin ham doim ta’qib ostida yurardi. Aytishlaricha, kunlardan bir kun respublika Davlat Xavfsizligi Qo‘mitasidan notanish ayol telefon qiladi-da: «Bir ilojini topib, shu bugunoq yashirinib oling. Aks holda, kech bo‘ladi. Sizni qamoqqa olish to‘g‘risida buyruq tayyorlanyapti», deydi. O’sha oqshom yozuvchi yashirincha Moskvaga jo‘nab ketadi. Ishonchli odamlar uni ta’qibdan qutqarib qoladilar. Keyinchalik u Moskva Davlat universitetining professori bo‘ladi.
   Aynan Avezovning «Manas» himoyasiga tashlangani, shubhasiz, buyuk fidoiy ekanidan darak berib turibdi. Shunday emasmi?
   Aytmatov. To‘g‘ri. Boya aytganimdek, konferentsiya zalining ostonasida turib olib, epos uchun ichim achigan edi. Oradan o‘ttiz yil o‘tgach, «Manas»ning to‘la nashriga bosh muharrir bo‘laman, so‘zboshi yozaman va xalqaro anjumanlarda u haqda nutq so‘zlayman deb aslo o‘ylamagan edim!
   Muxtor Avezov bilan uchrashuvim juda qiziq bo‘lgan edi. O’shandan so‘ng uni ustozim deb bildim, o‘zimni unga shogird hisoblardim. U paytlari M. Gorkiy nomidagi Oliy adabiyot bilim yurtida tahsil ko‘rardim. O’sha kunlari Moskva adabiy doirasida Vladimir Dudintsevning «Qorin dardida yashamaydilar» romani ustida qizg‘in bahs-munozaralar avj olib ketgan edi. Ba’zi birovlar romanni ko‘klarga ko‘tarib maqtasa, boshqalar loyga qorib tashlardi. Oxir oqibat Adabiyotchilarning markaziy saroyida umumiy yig‘ilish o‘tkazishga qaror qilindi. Odatdagidek, rayosatdan nomdor adiblar va mansabdor shaxslar joy oldilar. Shu qadar ko‘p odam to‘plandiki, oyoq qo‘ygudek bo‘sh yer topilmasdi. Kishilar deraza raflariga ham, ostilariga gazeta to‘shab polga ham o‘tirib olishgandi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:21:14
   Muzokaralar cho‘zilib ketadi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, men eshik tarafga qaradimu Avezovning tanish qiyofasini ko‘rib qoldim. Aftidan, u bir oz kechikib kelgan, shekilli. Ravshanki rayosatda o‘tirgan zotlar uni ko‘rmasdilar. Ko‘rgan taqdirda ham Avezov baribir zalga kira olmasdi. Chunki, u olomon o‘rtasiga tushib qolgan edi. Oldinga ham, orqaga ham siljiy olmasdi.
   Nihoyat, tanaffus e’lon qiladilar. Terlab-pishib, bo‘g‘riqib ketgan odamlar dimiqqan zalni tezroq tark etish niyatida yoppasiga o‘zlarini eshikka uradilar. Men bir ilojini topib Muxtor og‘a tomon intildim. Salom-alikdan so‘ng u kishiga ikki qo‘limni cho‘zdim.
   —   Muxtor og‘a, Sizga joy bor. Yuring, ko‘rsatib qo‘yaman, — dedim.
   Uni qatordagi o‘z joyimga o‘tqazib qo‘ydim.
   —   O’zing kimsan? Qaerdan kelding? — deb so‘radi u ajablanib.
—Qirg‘izistondan kelganman. Shu yerda Adabiyot institutida o‘qiyman, — deb javob qaytardim.
—Shunaqami! — dedi Avezov hayrat aralash — Endi hammasi tushunarli. Rahmat, aynalayin! — Yuzlari kulgudan yashnab ketdi. — Baxtli bo‘l!
   Menga bundan ortiq olqish kerak emasdi. Bizning birinchi uchrashuvimiz shu tarzda kechadi. O’sha uchra-shuv umrbod xotiramda saqlanib qoldi.
   Sen o‘zing Avezov bilan uchrashganmisan? Aytmoq-chi, u vafot etgan kezlari sen hali yosh eding.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:22:41
   Shoxonov. Aytish mumkinki, mening omadim bor ekan. Yozuvchining o‘limidan sal oldin Chimkentdagi qo‘rg‘oshin zavodining Madaniyat saroyida «Abay yo‘li» epopeyasiga bag‘ishlangan kitobxonlar konferentsiyasi bo‘ladi. Anjuman ikki kun davom etadi. Olmaotadan yetib kelgan Muxtor og‘a anjumanda shaxsan qatnashadi. U paytlari Mamatbek Qoldiboev viloyatimizda xiyla nom qozongan shoir edi. O’sha uchrashuvga taklifnoma topib beradi. Birinchi marta dong‘i dunyoga ketgan yozuvchini o‘shanda ko‘rganman. Biz yoshlar uning har bir xatti-harakatini zimdan kuzatardik. Qanday gapiradi, qanday yuradi — hammasi diqqatimizni tortardi. U xursand bo‘lib ketgan chog‘larida burnining uchini chimdib-chimdib qo‘yardi. Egnida kulrang kostyum bor edi. Kitoblaridagi suratlariga nisbatan xiyla ozg‘in ko‘rinardi. Bukchayib qolgandi. Ehtimol, «Abay yo‘li»dan keyin yoza boshlagani «Navqiron qabila» nomli yangi asari uni charchatib qo‘ygan bo‘lishi mumkin...
   Konferentsiya tamom bo‘lgan zahoti biz yozuvchidan dastxat olish uchun navbatga turdik. Juda ko‘p shinavandalar to‘plandi, hammaning qo‘lida Avezovning kitobi bor edi. Asta surilib, nihoyat, yozuvchining ro‘parasiga yetib bordim. O’sha chog‘lari «Abay yo‘li» va «Yenlik-Kebek» asarlaridan bir necha parchani yoddan bilardim. O’zim sevgan parchalarni Avezovga o‘qib berishni juda istardim-u, ammo jur’atsizlik qildim. Uyaldim. Boz ustiga, orqamdan navbatda turgan kitobxonlar qistalang qilishardi.
   —   O’g‘lim, isming nima? — deb so‘radi Avezov. U men uzatgan kitobning birinchi varag‘ini ochadi.
   —   Muxtor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:24:06
   «Kitobingizni o‘qigandan so‘ng otam menga sizning ismingizni qo‘ygan ekan», demoqchi bo‘ldim-u, lekin uyalganimdan tilim kalimaga kelmasdi.
   Yozuvchi menga qandaydir erkalatuvchan nazar solib, boshini qimirlatib qo‘ydi. Sung kitobning ichki muqovasiga: «Muxtor degan bolaga Muxtor degan boboydan ezgu xotira bo‘lib qolsin», deb aji-buji dastxat bitib berdi.
   Shu tarzda men buyuk so‘z san’atkori bilan birinchi va oxirgi marta uchrashganman.
   Esimda, Chimkent pedagogika institutida sirtdan tahsil olib yurgan vaqtimda Odil Yermekov degan o‘qituvchimiz bo‘lardi. Ajablanadigan joyi shundaki, u Muxtor Avezovning «Abay yo‘li» epopeyasini boshdan oxirigacha yoddan bilardi. Xotirasining zo‘rligi jihatidan mashhur qirg‘iz manaschi-baxshi Sayoqboy Qoralaevga o‘xshardi. Chike, u Sizning «Momo yer» asaringizdan ham ko‘pincha butun boshli monologlarni yoddan o‘qirdi. Mening dastlabki she’rlarimni ham yoddan bilardi-yu, lekin o‘zining uslubiga moslab o‘qirdi. Bir gal o‘sha o‘qituvchim o‘z hayotida ro‘y bergan qiziq voqeani so‘ylab bergan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:24:53
   Navbatdagi roman ustida ish boshlagan Avezov umrining oxirlarida Qozog‘istonning janubiy viloyatlariga tez-tez safar qiladi. O’shanday safarlarning birida Odil Yermekov yozuvchi bilan bitta guruhga tushib qoladi. Har xil mavzularda suhbatlashadilar-da, birdan Avezov talabalik yillarida ro‘y bergan bir voqeani eslaydi. Bir vaqtlar u Qonish Satpaev bilan birgalikda Leningradda o‘qigan ekan. Ajoyib kunlarning birida lo‘li ayol ikkoviga fol ochadi. Satpaevning kaftiga qarab:
   —   Hayotingda juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelasan. Ammo, barcha mushkulotni yengib o‘tib, dongdor olim bo‘lasan, — deydi lo‘li ayol.
   Keyin lo‘li ayol Avezovning qo‘lini ushlaydi-da, kaftiga tikilgancha o‘ylanib qoladi.
—Sen ham katta odam bo‘lasan, — deydi sukunatdan so‘ng. — Shon-shuhrating dunyoga yoyiladi. Biroq, hayot yo‘ling nihoyatda og‘ir, o‘nqir-cho‘nqir bo‘ladi. Ulug‘ martabaga sazovor bo‘lguningcha bir necha marta o‘limga chap berasan, mislsiz azob-uqubatlarni boshingdan kechirasan. Uch marta uylanasan. Ajaling pichoq timsolida keladi.
—Haqiqatan ham, hayot yo‘lim o‘nqir-cho‘nqir bo‘ldi, — deydi o‘shanda Avezov atrofini qurshab olgan tinglovchilarga. — Dolg‘ali yillarda «xalq dushmani» sifatida otilib ketishim ham mumkin edi. Tasodif tufayli bir o‘limdan qoldim. Folbin aytgan shon-shuhratga ma’lum ma’noda erishdim. Bundan tashqari, uch marta uylanishim borasidagi karomati ham to‘g‘ri chiqdi. Keyingi yillarda pichoq timsolida ajalingni topasan degan gap kaminaga tinchlik bermay qo‘ydi. Kechalari yolg‘iz yurmaslikka harakat qilaman, uyga ertaroq qaytaman.
   Chike, Avezov Kreml kasalxonasida operatsiya ostida yotgan paytida vafot etadi. Demak, folbinning aytganlari to‘g‘ri chiqibdi-da?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:28:04
   Aytmatov. Men oxirgi marta 1961 yili «Moskva» mehmonxonasida Avezov bilan uchrashganman. U kasalxonaga yotmoqchi bo‘lib yurgan ekan. Juda xushchaqchaq edi. Uydan keltirilgan qazi-qarta dasturxonga qo‘yildi, birgalashib choy damladik. Keyin xudli ota-boladek shoshilmasdan chin yurakdan suhbat boshladik. Yarim kechagacha o‘tiribmiz.
   —   «Kuntsevka» kasalxonasida davolanish uchun keldim, — dedi. — Do‘xtirlarning aytishicha, o‘simta zararli emas ekan. Lekin, kuchim bor vaqtimda undan qutilib olishim kerak. Keksayganimdan so‘ng qiyin bo‘ladi.
   Agar men o‘shanda Avezov bilan oxirgi marta bir dasturxon tevaragida o‘tirganimni, u oxirgi marta menga ezgu tilaklarini izhor etganini bilganimda bormi!.. Ertasi kuni hech narsani xayolimga keltirmasdan Frunzega uchib ketdim.
   Shoxonov. Bilasizmi, Moskvaga safarga kelgan frantsuz yozuvchisi Lui Aragonni Muxtor og‘a dasturxon yozib mehmon qilgan ekan?
   Aytmatov. Qaydam. Lekin ular juda yaqin do‘stona aloqada bo‘lganini yaxshi bilaman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:28:52
   Shoxonov. Shundoq. Ma’lumki, Avezov kelishgan, keng yag‘rinli, ko‘zga yaqin erkak edi. Ziyofatga Dinmuhammad Qunaev bilan Qonish Satpoevlar ham taklif qilinadi. Ikkovi ham kelishgan, barvasta kishilar edi. Boz ustiga, ularning yonida yana bitta novcha yigit bor ekan. Lui Aragon sharqona qiyofali to‘rt kishiga tikilib to‘ymaydi. Ularning kamtarona munosabatlaridan to‘lqinlanib:
—Aytinglar-chi, hamma qozoqlar sizlarga o‘xshagan novchami? — deb so‘raydi.
—Bo‘lmasam-chi, hamma novcha, mendan pakanasini topolmaysiz, — deb javob beradi Muxtor og‘a hazil aralash.
   Aftidan, Aragon hazilni chin o‘rnida qabul qiladiyu hayrati battar avj oladi. Shu payt eshik ochilib xonaga pak-pakana odamcha kirib keladi. Bu kimsa o‘sha paytlari respublika mafkurasini boshqarardi va foydasidan ko‘ra, zarari ko‘proq edi.
   —   Bunisi istisno, — deb izoh beradi Avezov chaqirilmagan mehmonga ishora qilib.
   Chike, xayolimga yana bir fikr kelib qoldi. Avezovning mashhur «Abay yo‘li» kitobini frantsuz tiliga tarjima qilgan Lui Aragon shu bahonada Sizning asarlaringiz bilan qiziqib qolgan bo‘lishi mumkin. Darvoqe, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Jo‘nay Mavlonov ham o‘z xotiralarida mana shunday fikrni tasdiqlaydi: «Issiqko‘l sohilidagi keng-mo‘l chorbog‘da yozuvchilar uchrashuvi bo‘ladi. Bir oqshom adabiyot to‘g‘risida gap ketadi. Bizning faxriy mehmonimiz bo‘lgan Muxtor Avezov gapini birdaniga Aytmatovdan boshladi:
   «Hozir O’rta Osiyoda ham, Qozog‘istonda ham, umuman, Sovet Ittifoqida Chingizga teng keladigan yozuvchi yo‘q. Bilasiz, men Lenin va Davlat mukofotlari qo‘mitasining a’zosiman. Kamina ko‘klarga ko‘tarilib maqtalgan ko‘plab asarlarni o‘qiganman. Lekin, ularning birortasi ham «Jamila» bilan bahslasha olmaydi! Bu haqda bir necha marta gapirganman. Mening frantsuz do‘stim Lui Aragon ham Chingizning asarlariga juda yuksak baho berdi. Qadim zamonlardan buyon qirg‘izlar Olatovdan to Issiqko‘lgacha bo‘lgan bepoyon sarhadlarda qozoqlar bilan baqamti yashaganlar. Ularning yaylovlari ham, tarixiy taraqqiyoti ham, tillari ham, dunyoqarashi ham bir. O’ylaymanki, endi Chingizni ikki xalqning farzandi deyishimiz mumkin. U bilan birgalikda faxrlanamiz, iste’dodiga hasad qilmaymiz. Tuf-tuf, ishqilib, ko‘z tegmasin!» deb hazil aralash so‘zini yakunlaydi Avezov».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:31:11
   Aytmatov. «Jamila» bosmadan chiqishi bilanoq «Literaturnaya gazeta»da e’lon qilingan muxtasar maqola hali-hali yodimda turibdi. Avezov unda bag‘oyat samimiy mulohazalarini bayon etgandi. Bu ulug‘ nosirning oq fotihasi edi. O’sha paytlari ustozim oldida qarzdor ekanimni teran his qildim. Undan keyin markaziy matbuotda «Tuyako‘z» nomli hikoyam e’lon qilindi. Darhol Avezov menga Olmaotadan telegramma jo‘natdi: «Chingiz, asaringni o‘qidim. Juda ma’qul bo‘ldi. Bag‘oyat xursandman. Mana shu ruhda davom etaver!» deyilgandi. O’sha telegrammani hozirgacha o‘z arxivimda ko‘z qorachig‘iday asrab yuraman.
   Oltmishinchi yillarning boshlarida Muxtor Avezov Frunzega tashrif buyurdi. Men uni mehmondorchilikka chaqirdim. Uyimizga buyuk yozuvchi mehmonga kelayotganini eshitib, onam sarosimaga tushib qoldi. Uyni yaxshilab tartibga keltirdilar. To‘riga yumshoq ko‘rpachalarni to‘shab qo‘ydilar. Dasturxon tuzadilar, tansiq taomlar, meva-chevalar to‘kib tashlandi. To‘ngich o‘g‘lim Sanjar dasturxonda turgan yirik olmalarni ko‘rishi bilan ularni yashirincha bittalab ko‘chaga tashiy boshladi. O’zi to‘ygunicha yeb, qolganlarini qo‘shni bolalarga udashadi. Albatta, buvisi uni «jinoyat ustida» qo‘lga tushiradi.
   — Oy-bay! Axir, u hamma olmani tashib tugatibdi-ku! Endi mehmonlarga nima deyman? — deb oh-voh qilgancha sho‘x nevarasining qulog‘idan cho‘zib, eshik tomon yo‘naladi. Shu payt eshik ochiladiyu ichkariga Muxtor og‘a kirib qoladi.
   U chin ko‘nguldan kula-kula:
   —   Parvo qilmang, axir bola shunaqa bo‘ladi-da! — deydi. So‘ng, onamning qo‘lidan ushlaydiyu shumtakani buvisining jazosidan qutqaradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:32:52
   Biz o‘shanda manaschi Sayoqboy Qoralaev bilan devordarmiyon qo‘shni bo‘lib yashardik. U Muxtor og‘aning eski qadrdonlaridan biri edi. Ikki so‘z ustasining uchrashuvi uzoq davom etgan oqilona suhbatlarga ulanib ketdi. Oqshom davomida men ularning gap-so‘zlarini jonqulog‘im bilan tinglab o‘tirdim.
   Ziyofat o‘rtalarida mehmonlar toza havodan nafas olib qaytishga qaror qildilar. Eshik tomon ketayotgan Muxtor og‘a birdan o‘zi o‘tirgan o‘ringa onam kenja nevarasi Asqarni yumalatib olayotganini ko‘rib qoldi.
   —   Nima qilayapsiz? — deb so‘radi hayron bo‘lib.
   —   Azizim, bu yaxshilik alomatini bildiradigan irim-sirim. Mening pandavaqi nevaram ham xuddi Siz kabi hamma odamlar hurmat qiladigan inson bo‘lib yetishsin, iloyim!
   Muxtor og‘a kulumsirab, boshini silkitib qo‘ydi.
   Shoxonov. Eshitishimcha, Avezov bir gal Sayoqboy Qoralaevni o‘z mashinasiga o‘tqazib, Olmaotaga — Qozog‘iston Davlat universitetining talabalari bilan uchrashuvga maxsus olib borgan ekan.
   —   Qirg‘izlar bilan qozoqlarning so‘nggi mogikanlaridan birini ko‘rib qo‘yinglar, eshitinglar! — degan ekan Avezov mehmonni tanishtirib.
   Yozuvchi umrining so‘nggi yillarida Issiqko‘ldagi chorbog‘iga tez-tez kelib, bo‘lajak yirik romaniga xom ashyo to‘plaganini ko‘pchilik bilmaydi. O’sha asarda Manas, Sayoqboy, Bo‘ltirik polvon o‘z aksini topishi kerak edi. Biroq, taqdir taqozosi bilan yozuvchining orzu-umidlari ro‘yobga chiqmay qoladi. Roman yozilmaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:33:46
   «Jalin» jurnalining bosh muharriri lavozimida ishlab yurgan kezlarim Lui Aragonning o‘gay o‘g‘li Jan Rist mehmon bo‘lib keldi. Biz Olmaota yaqinidagi go‘zal maskanlarda uzoq-uzoq sayr qildik, suhbatlashdik.  Jan bir necha marta aytdiki,  Lui Aragon umrining oxirigacha Sizni XX asrning yorqin hodisasi deb bilgan ekan, nomingizni hurmat-ehtirom bilan tilga olarkan. Siz ham ustozingiz oldidagi burchin-gizni ado etdingiz. Lui Aragon vafotidan so‘ng u haqda ajoyib maqola yozdingiz, Parijga maxsus safar qilib, uning qabrini ziyorat qildingiz. Bundan tashqari, Sizning beqiyos kuch-g‘ayratingiz va obro‘-e’tiboringiz tufayli mustabid tuzum sharoitida «Novс‹y mir» jurnalida Avezovning «Og‘ir yil» qissasi chop etildi. G’oyaviy jihatdan yaroqsiz hisoblangan bu asar xalqqa qaytarildi. O’sha sa’y-harakatingiz qozoq xalqi o‘rtasidagi hurmatingizni yanada oshirib yubordi.
   Chike, shu kunlarda katta muvaffaqiyatlarga erishgan, lekin shu martabaga yetishi uchun yordam bergan zotlarni butunlay unutib yuborgan kimsalar ham oramizda yo‘q emas. Sizga bunday kalondimoqlik mutloq yot xususiyatdir.
   Hozir o‘zingiz aytgan so‘zlarni eslatib o‘tmoqchiman: «Qachonki xorijiy o‘lkalarga safarga otlansam, o‘zim bilan «Manas»ni va Muxtor Avezov kitoblarini birga olib ketaman. Agar mendan: «Qozoqmisiz yoki qirg‘izmi?» deb so‘rab qolsalar, avvalo, bu qo‘shaloq milliy boyligimiz to‘g‘risida gapiraman. Ular mening xalqimning timsollaridir», degan edingiz. Menimcha, bu iqrornomangiz yuqorida aytilgan so‘zlarni isbotlab turibdi.
   Aytmatov. Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarish kerak deb hisoblayman. Bu tabiiy hol. Aslida, men haligacha bo‘ynimdagi qarzimning yuzdan bir qismini ham qaytarganim yo‘q.
   Shoxonov. Qozog‘iston Respublikasining elchisi sifatida Qirg‘izistonning aziz tuprog‘iga qadam qo‘ygan chog‘imda ba’zan afsuslandim.
   Aytmatov. Nega afsuslanasan?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:34:41
   Shoxonov. Sayoqboy Qoralaev bilan uchrasha olmaganim uchun afsuslandim, T. O’qaev, B. Shamshiev, M. Ubukeevlar tomonidan suratga olingan hujjatli filmlarda «Manas» ijrochisining san’atidan ko‘p marta bahramand bo‘lganman. Doston voqealarining o‘zgarishiga monand ravishda baxshining tovushi, ohangi, ifoda yo‘sini ham, xatti-harakatlari ham o‘zgarib borardi. Gohida shu qadar to‘lqinlanib ketardiki, ko‘zlarimdan yoshlar oqayotganini o‘zim bilmay qolardim. Yuragimni hovuchlab buyuk manaschining qabrini ziyorat qildim. Biz erta vafot etgan shoir do‘stim Jo‘lon Mamitovning umr yo‘ldoshi Mendi va ularning farzandlari Oyko‘rim, Azamat hamda Qonshaimlar bilan birgalikda mozorga borgan edik. Manaschining ruhiga atab tilovat qilganimdan so‘ng, yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydim.
   XX asrning noyob hodisasi Sizning xotirangizda qanday iz qoldirgan?
   Aytmatov. Esimda, taqdir taqozosiga ko‘ra, biz Qoralaev bilan Chuy viloyatining bitta xo‘jaligiga birga borganmiz. Bu voqeaga ko‘p bo‘ldi. Qoralaev tashrif buyurgani to‘g‘risidagi xabar yashin tezligida atrofga tarqaladi. Tog‘ etaklarida joylashgan yaylovlardan, fermalardan olomon yopirilib kelaveradi. Kim mashinada, kim traktorda, kim yayov keladi. Manaschini eshitishni istagan shinavandalar shu qadar ko‘payib ketdi-ki, ularning yarmi ham klubga sig‘madi. Qolganlar tashqarida tik turdilar. Bunday ahvolni ko‘rgan Qoralaev «Manas»ni ochiq havoda, muxlislari davrasida ijro etishga qaror qildi.
   Sayoqboy bo‘sag‘a zinapoyasiga o‘rnashib o‘tirdi. Muxlislarning ko‘pchiligi esa yerga chordona qurib o‘tirdilar. Kimlardir mashina ustiga chiqib oddilar, boshqalar ot egaridan tushmadilar. Bolalar daraxtlarga chiqib ketdilar. Xalq nafasini ichiga yutib, manaschini jon qulog‘i bilan tinglay boshladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:35:56
   Bu orada ufqda bulut paydo bo‘ldiyu biz tomon shitob yaqinlashaverdi. Huv naridagi cho‘qqini qop-qora bulut qopladi. Birdan ustimizga jala quyib yubordi. Lekin, xuddi jala bilan musobaqa o‘ynayotgandek manaschi o‘z dostonini avj pardalarda davom ettiraveradi. Albatta, bu uchrashuvga kiyib kelgan yap-yangi kostyumim jiqqa ho‘l bo‘lib qolishini zinhor istamasdim. Men o‘rnimdan qo‘zg‘olib, klub ayvoni ostida jala o‘tib ketishini poylab turdim. Qarasam, mendan boshqa hech kim joyidan qo‘zg‘olmayapti. Juda noqulay ahvolga tushib, eski joyimga qaytib bordim. Jala tinmadi. Lekin, manaschi kuylashdan to‘xtamaguncha birov joyidan jilmadi.
   O’shandan ilgari ham bitta voqea ro‘y bergan edi.
   Xotiramdan sira o‘chmaydi. 1959 yili Moskvada o‘qishimni tamomlab, o‘z yurtimga qaytdim. Bir kuni partiya maktabining tinglovchilari ko‘zga ko‘ringan qirg‘iz oqinlarini, manaschilarini uchrashuvga taklif etadilar. Taklif etilgan oqinlar orasida Sayoqboy Qoralaev bilan Haromo‘ldi O’rozov ham bor edi. Tinglovchilar faqat qirg‘izlar emas, ular safida ruslar, nemislar va boshqa millatlarning vakillari ham bor edi. Mehmonlardan hech birovi qirg‘izcha gapirishni bilmasdi. Taqdir taqozosi bilan kamina tarjimonlik qildim. Navbat Sayoqboyga yetib keldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:36:28
—Necha yoshingizdan «Manas»ni ijro eta boshlagansiz? Birinchi ustozingiz kim bo‘lgan? — degan savollar har tomondan yog‘ilib ketdi.
—Ko‘p yillar muqaddam, bolalik paytimda qo‘y boqib yursam shunaqayam uyqum keldiki, bir pas maysa ustida yonboshladim. Ko‘zim ilindi, — deb hikoya boshlagandi Sayoqboy. — Tushdan keyingi soat beshlar chamasi ot tuyog‘i tovushini eshitib, uyg‘onib ketdim. Ko‘zlarimni ochib mundoq qarasam, quyosh nurida yalt-yalt etib tovlanayotgan nayzasini boshi uzra azod ko‘targan barvasta chavandoz men tarafga arg‘umoqni uchirib kelayotir. Tulporning ko‘zlari chaqnardi, shishib ketgan burun teshiklaridan bug‘ chiqardi. Yonimga yetib kelgach, chavandoz shoshmasdan egardan tushdi. «Hoy bola, bu yerda nima qilyapsan?» deb so‘radi. «Ko‘rmaysizmi, uxlab qolibman», dedim. «Senga baxt kulib boqadi. Shu bugundan e’tiboran doim «Manas»ni kuylab yurasan. Shon-shuhratga burkanasan. Qani, og‘zingni ochgin!» dedi chavandoz. Og‘zimni ochishim bilanoq notanish kimsa ochiq joyimga siyib yubordi. Oppoq ko‘pik javohir misoli og‘zimga to‘ldi, nafasim qaytdi... Es-hushimni yig‘ib olgunimcha chavandoz g‘oyib bo‘ldi. Go‘yo u umuman bo‘lmaganday edi. Nazarimda, Xo‘ja Xizrni uchratgan edim. O’shandan buyon «Manas»ni kuylayman...
   Qoralaev hikoya qilaverdi. Men peshma-pesh uning so‘zlarini tarjima qilib turdim. Boyagi nozik joyga yetganimda esankirab qoldim; nima qilishni bilmasdim. So‘zma-so‘z tarjima qilay desam, noqulay. Tinglovchilar orasida ayollar ham bor edi. Ustiga ustak, boshqa millat vakillari «arvoh», «Xizr» degan atamalarni tushunmasligi mumkin edi.
   Xullas, esim joyiga kelgach, boyagi parchani: «Notanish kimsa og‘zimga tupurib qo‘ydi», deb tarjima qildim. Ammo, mana shunday beozor tarjima ham zalda g‘ala-g‘ovur ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
   O’shandan beri oradan ko‘p yillar o‘tdi. Biroq, o‘sha voqea to‘g‘risida birovga miq etib og‘iz ochganim yo‘q. Yaqinda Belgiyada o‘tgan uchrashuvlarimning birida Qoralaev to‘g‘risida gap ochilib qolgan edi, o‘sha voqeani so‘ylab berdim.
   — Nega shu paytgacha bu haqda indamay keldingiz? Axir, hikoyaning eng zo‘r joyi shu ekan-ku! — deyishdi tinglovchilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:37:37
   Shoxonov. Dunyo xalqlarining og‘zaki ijodida juda ko‘p ajoyib eposlar, lirik-nasriy ertaklar, hikoyalar bor. Lekin qamrovi jihatidan «Manas»ga teng keladigan bitta ham asar yo‘q. Agar «Iliada» bilan «Odissiya» qo‘shilsa, ikkovining hajmi ham «Manas»dan yigirma barobar kichik bo‘ladi. Hind xalqining faxri bo‘lmish «Mohobhorot» esa qirg‘izlarning eposidan ikki yarim barobar ixcham.
   Ma’lumki, g‘irt savodsiz bo‘lgan qirg‘izlarning buyuk oqinlari olti oy mobaynida eposni tinimsiz kuylagan bo‘lsalar-da, lekin baribir oxiriga yetkaza olmaganlar. Bu mo‘‘jiza. Inson xotirasi shuncha narsani yodda saqlab qolishi mumkinligini tasavvurga ham sig‘dirib bo‘lmaydi.
   Baxtga qarshi, «Manas»ni kuylab o‘tgan barcha qadimiy oqinlarning nomlari tarixda qolmagan. Ehtimol, «Manas»ni kuylab o‘tish milliy an’ana bo‘lgani tufayli, eposni har bir kishi bilishi va avloddan avlodga qoldirishi ham qarz, ham farz bo‘lgani uchun oqinlarning nomlari tarixda qolmagandir?! Keyingi asrda qirqdan ortiq ajoyib manaschi o‘tdi. Ular orasida eng ulug‘i va betimsoli Sog‘imboy O’rozboqov edi. U 1930 yilda oltmish uch (payg‘ambar yoshida) yoshida vafot etadi. Xalq og‘zaki ijodining qadrini biladigan kishilar oqinning og‘zidan bir yuzu sakson ming misra eposni yozib olishga ulgurganlar. Bu bir nechta Qalin jildni tashkil etgan. U zamonlari magnitofon yo‘q edi. Shu bois butun borligi bilan epos voqealariga sho‘ng‘ib ketgan oqinni to‘xtatib, aytganlarini shundoqligicha   qog‘ozga   tushirishga  to‘g‘ri   kelardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:38:37
   Oqin uchun bundan ortiq jazo bo‘lmasdi! Tasavvur etingki, sahro bo‘ylab o‘qday uchib borayotgan yo‘rg‘a birdan to‘xtatiladi va u parvozning halovatidan mahrum etiladi.
   Aytishlaricha, Sog‘imboyning shunchalar jahli chiqib ketarkanki, alam qilganidan yorilib ketishiga bir bahya qolarkan.
   Kezi kelganda biz Baliq, Keldibek, To‘g‘aloq Mulla, Mullabosan, Jusup Mamay, Seydana kabi qirg‘iz xalqining ajoyib farzandlariga va zamonlar o‘rtasidagi o‘sha rishtani saqlab qolgan barcha insonlarga kelajak avlod nomidan cheksiz minnatdorlik izhor qilishimiz lozim. Masalan, To‘g‘aloq Mulla (1860—1942) faqat «Manasni kuylabgina qolmasdan, balki uni qog‘ozga yozib ham qoldirgan. Uning asil ismi sharifi Boyimbet bo‘lib, yoshlik chog‘idayoq savodxon bo‘lgani uchun ovuldoshlari uni «Mulla» deb ulug‘laydilar. Bo‘yi past, miqti bo‘lgani sababli «To‘g‘aloq» laqabini olgan. Keyinchalik mana shu nom bilan mashhur bo‘lib ketadi.
   Bir kuni ishxonamga yoshgina ayol izlab bordi. Ismi Bermet Jusupjonova ekan. Qirg‘izistonning Norin viloyatidagi Oqtol tumaniga qarashli Qurut qishlog‘idan huzurimga ataylab Mulla To‘g‘aloq qo‘lyozmasini kaminaga topshirish uchun kelibdi. Oqin arab imlosida eposni qog‘ozga tushirgan ekan.
   Yuragim hapriqib, qirg‘iz adabiyotining oqsoqolidan qolgan merosni qo‘limga olib, darhol ko‘z yugurtirib ko‘rdim. Bu oqinning shaxsan o‘zi aytib yurgan «Manas»ning qo‘lyozmasi edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:40:26
—Qo‘lyozmani nima uchun Milliy Fanlar akademiyasiga topshirmadingiz? — deb so‘radim ayoldan.
—O’z vaqtida Cho‘qon Valixonov bilan Muxtor Avezovlar manasshunoslik fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shganlar. Qozoq xalqining boshqa farzanddari ham bu jabhaga munosib ulush qo‘shgan. Buni «Manas» o‘z hayotining bir qismiga aylanib qolgan insonlarga, shaxsan Sizga mening hurmatim sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. Qo‘lyozmani nima qilish — shaxsan o‘zingizning ishingiz. Men uni ishonchli qo‘llarga topshirib, o‘z burchimni ado etdim, — dedi ayol.
   Mana,   endi  o‘sha  qo‘lyozmani  tantanali   ravishda Qirg‘iziston Milliy  Fanlar akademiyasiga topshirmoqchiman.
   Aytmatov. O’ylaymanki, bu qirg‘iz xalqi nomidan senga bildirilgan ishonch belgisi. Senga o‘z farzandlariday ishonadilar. Afsuski, hozirgacha xalq og‘zaki ijodining bebaho namunalari bir butun holida to‘plangan emas.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:41:20
   Shoxonov. Boya aytib o‘tganimizdek, Sayoqboy Qoralaev o‘z davrining buyuk oqini edi. Yana bir ajoyib madaniyat namoyandasi, Asqar Akaev iborasi bilan aytganda, «qirg‘izlarning Mikelanjelosi» — Turg‘unboy Sodiqov ham xalqning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Yaqinda men unga  Qozog‘iston  Respublikasining  Prezidenti  Nursulton  Nazarboev nomidan  faxriy  mukofot — «Parasat» ordenini topshirdim. Aytmoqchi, Turg‘unboy og‘a qanday qilib Sayoqboyning haykalini yaratganini menga hikoya qilib bergandi.
   — Yetmishinchi yillarda haykallar majmuini yaratishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. O’rtada Manasning ulug‘vor haykali turishi kerak edi. Uning ikki yonidan buyuk manaschilarning haykallari joy olardi. O’sha kunlari Sayoqboy Qoralaev bilan uchrashib qoldim. Uning timsolini marmarga haqqoniy ko‘chirish niyatida goh uyida, goh ko‘cha-ko‘yda sayr etib uzoq suhbatlashdim. Vaqt o‘tib borardi. Lekin, ijod qilishim uchun zarur bo‘lgan ilhom parisini hech ushlay olmasdim. Qo‘limni yuvib, qo‘ltig‘imga artib qo‘ymoqchi ham bo‘ldim. O’rta bo‘yli, kamtarin oqsoqolning nusxasini toshga ko‘chirib qo‘ygan bilan hech narsaga erishib bo‘lmasdi. «Sayoqboy og‘a, iltimos, «Manas»ni aytib bering», deb so‘radim oxiri hammasi jonimdan o‘tib ketgach. O’-o‘, mo‘‘jiza! Dostonni boshladiyu manaschi ko‘z o‘ngimda o‘zgardi-qoldi. Kamsuqum, kamtarin choldan nom-nishon qolmadi. Dostonga singib borgani sari ko‘zlaridan olov porlaydi, yelkalari silkinib turardi, qo‘llari qanot bo‘lib havoda parvoz etardi. Manasning Qo‘nirboy bilan jang qilgani to‘g‘risidagi sahnani aytayotib, Sayoqboy shu darajada jazavaga tushdiki, jang bo‘roni hozir meni ham o‘z domiga tortib ketsa kerak deb o‘yladim. Nafasimni ichimga yutganimcha manaschiga qarab baqrayib qoldim: u ko‘zlari yoshlangancha goh keksa Baqay, goh Sirchaqa va Olmambeka, gohida Shuaka va Yerko‘kcha timsoliga kirib to‘lqinlanib kuylardi. Menga aynan shunisi kerak edi. Fursatdan foydalanib, darhol qog‘ozni qoralab qo‘ydim».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:42:24
   «Manas»ni kuylayotgan oqin haykali his-hayajon tug‘yon urgan bir alfozda quyoshga yuz tutib, qirg‘iz kengliklarini quchmoqchidek qulochlarini ikki tomon yozib turibdi. Haykal Bishkekdagi To‘xtag‘ul nomidagi Davlat filarmoniyasi ro‘parasiga o‘rnatilgan.
   Chike, qirg‘izlarda ham, qozoqlarda ham ulug‘ zotlar ko‘p o‘tgan. Og‘zaki ijodning ulkan namoyandalaridan biri Jambul Jabaevdir. Qirg‘izlar va qozoqlar o‘rtasida mashhur bo‘lgan Jambul umrining oxirgi to‘qqiz yili davrida shon-shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarildi. Uni «XX asr Gomeri» deb atadilar.
   Aytmatov. Ha, oddiy hayotda ham, madaniyat jabhasida ham Jambul noyob hodisa edi.
   Shoxonov. To‘g‘ri aytasiz. Hozir men Sizga bitta qiziq voqeani so‘ylab beraman. 1938 yili gurjilarning ulug‘ shoiri Shota Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» dostonining 750 yilligi nishonlanadi. Tantanali marosimda Jambul boshchiligidagi Qozog‘iston adabiyoti va madaniyatining bir guruh namoyandalari ham ishtirok etadilar. Safar chog‘i to‘qson ikki yashar Jambulning o‘tkir ko‘zlari go‘zal gurji qiziga tushib qoladi. Xushbichim, sarvqomat, qayrilma qosh, jon olg‘uvchi qiz bir qarashdayoq oqsoqolning qalbini rom etadi.
   Aytmatov. Obbo, azamat-ey!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:44:16
   Shoxonov. O’sha voqea munosabati bilan bitta she’r yozganman.

   Yoshmidi, qarimi — ko‘ngul-da, ko‘ngul,
   Go‘zallik poyida yurar dovdirab.
   Gurjiston yerida yuz yoshli Jambul
   Yoshgina qizchaga turar jovdirab.
   
—Yillarning zahmati cho‘ktirmabdi tiz,
   Shunday bo‘lar xalqning asil botiri,
   Go‘zallik dargohi, dedi, o‘ cheksiz, —
   Hasad yo zavk bilan o‘ris shoiri...
   
   Yosh nima? Gar ko‘ngul gulday yashnasa
   Yillar ne? Qalbingda tulpor kishnasa.
   Go‘zallik urmasa jismingda tug‘yon,
   Demak, sen qaribsan, xoribsan nodon.
   
   Zaminda tursa-da, somon yo‘liga
   Iz solmoq ko‘yida yurganlar kammi?
   O’ttizda o‘tinga aylangan ayol,
   Qirqida qirqimga kirganlar kammi?
   
   Shod o‘lgin, go‘zallik istabdi ko‘ngul,
   Qanchalik keksasan, aytsin mamlakat:
   Qarilik — nochorlik, lek keksa dil
   Yigitlar keltirmas hech bir barakat.
   
   Tong chog‘i go‘zallik suyidan ko‘zi
   Suv ichgan manov chol — baxtiyor inson!
   Hiylalar ishlatma keksa deb o‘zing,
   Yillarga to‘nkama, yillar bir imkon.
   
   Va yillar, huv anov, misli bir g‘aram,
   Keksalik mezoni bo‘lolmas hech dam.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:49:27
   Aytmatov. Shubhasiz, Jambul juda yaxshi qarigan kamyob oqsoqollar sirasiga kirardi. U noyob iste’dod sohibi. Yoshlik ruhini saqlab qolish ham katta san’at hisoblanadi. Albatta, boyagi romantik voqeani afsona shaklida talqin qilmoq lozim — bunda xayoliy chang-to‘zon ko‘proq. Aslida, topqirlik xuddi shunday bo‘lishi kerak.
   Sir emas, kechagi mustabid tuzumning kommunistik targ‘ibotchilari xalq orasidan yetishib chiqqan iste’dod sohiblarini juda ustalik bilan o‘z maqsadlari yo‘lida ishlatardilar. Jambulni ham o‘shalar sirasiga kiritish mumkin. Uning savodsizligini bilganlari uchun ataylab unga kotiblarni biriktirib qo‘yishardi. Keyin bo‘lajak doston uchun zarur bo‘lgan mavzularni odam kiyimida yuradigan «san’atshunos»lar tanlab berishardi. Shunday emasmi?
   Shoxonov. Ehtimol... Shu paytgacha Jambul to‘g‘risida har xil mish-mishlar yuradi. Ba’zilar, uning ijodida asil she’riyatga xos xususiyatlar yo‘q, desalar; boshqalar, oqin haddan ziyod ko‘klarga ko‘tarib yuborilgan, deydilar. Nafsilamirni aytganda, o‘sha zamondagi barcha ko‘zga ko‘ringan oqinlar  (ayrim istisnodan tashqari) Lenin bilan Stalin sha’niga hamd-sano o‘qish borasida o‘zaro musobaqa o‘ynaganlar. Zamon shunaqa edi. Qolaversa, odamlarning o‘zlari ham dohiylarni ilohiylashtirib yuborishgandi. Agar biz birovni zamondan uzib olgan holda taftish qiladigan bo‘lsak yoki kimgadir hozirgi kun nuqtai nazaridan bir tomonlama baho bersak, insonga nisbatan adolatsizlik qilgan bo‘lamiz...
   Aytmatov. Gaplaring to‘g‘ri.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:50:46
   Shoxonov. Jambul ko‘p yillar davomida qirg‘izlarning iste’dodli, usta oqinlari, hofizlari, qiziqchilari bilan yaqin do‘st bo‘lib qolmasdan, balki ularning birodari bo‘ldi. Ikki qardosh xalqni o‘z san’ati bilan xushnud etdi. Tabiiyki, ko‘pgina buyuk iste’dod sohiblari o‘zlarining o‘jarligi bilan boshqalardan ajralib turadilar. O’jarligi uchun o‘zlari azob tortishadi. Bunday paytlarda do‘stlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydilar.
   Aytmatov. Buning yorqin misoli — mashhur qirg‘iz oqini To‘qtag‘ul Sibir surgunidan qochib, o‘zining tug‘ilib o‘sgan ovuliga emas, do‘sti Jambulning huzuriga boradi.
   Shoxonov. Shubhasiz, bu boyagi gaplarga yorqin misol bo‘ladi. Aytmoqchi, Jambul ham bir necha kecha-kunduz mobaynida «Manas»ni kuylagan vaqtlar ko‘p bo‘lgan. Mashhur kuychi Murotali bilan Jambulning musobaqa o‘ynaganini eshitganmisiz? Ikki buyuk iste’dod o‘zaro musobaqa payti Jambul qirg‘izlarning o‘n uchta kuyini, Murotali esa qozoqlarning o‘n besh kuyini ijro etganlar. Qariyalar hozirga qadar o‘sha hodisani to‘lqinlanib gapirib yuradilar.
   Bir paytlar Masimxon Beyseboev Qozog‘iston Vazirlar Mahkamasining raisi lavozimida ishlagan. O’sha odamning Jambul to‘g‘risidagi bir hikoyasi hamon yodimda turibdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:52:34
   — U paytlari men Olmaota viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi edim. Jambul o‘shanda juda mashhur bo‘lib ketgandi, shuhrati olamni tutgandi. Hazil gapmi, Stalinning shaxsan o‘zi unga qoyil qolgandi, butun Sovet Ittifoqida uni hurmat qilishardi. Kunlardan bir kun Jambul to‘g‘risida ajabtovur yangilik eshitib qoldim: emishki, yuz yoshga yaqinlashib qolgan oqin yana uylanmoqchi bo‘lib yurganmish. Kelin topib qo‘yibdi, roziligini so‘rabdi. Go‘yo kelin rozi bo‘lganmish. Qozog‘iston Kompartiya Markazqo‘mining birinchi kotibi Jumaboy Shoyaxmetov bu gapni eshitib, shoshib qoladi va meni o‘z huzuriga chaqirtiradi. U qo‘llarini orqasiga qilgancha asabiylashgan holatda xonada u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz borib-kelardi. Haqiqatan ham, vaziyat chatoq edi. Birinchidan, respublikamizdagi hurmatli oqsoqolning, xalqimizning faxriga aylanib qolgan oqinning kutilmagan tantiqligi nihoyatda kulgili tuyuladi. Ikkinchidan, o‘sha chog‘lari taomilga aylanib ketgan kommunistik axloqqa to‘g‘ri kelmasdi. «Bunday isnodni hech kim bilmasligi kerak, — dedi Jumaboy Shoyaxmetov. — Darhol bunday bema’nilikka chek qo‘yish lozim. O’sha kelinchakning qarindosh-urug‘lari bormikan?» Aytishlaricha, kolxozda ishlaydigan o‘g‘li bor ekan, dedim. «Tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi va kolxoz raisi bilan to‘xtovsiz aloqa o‘rnat! Ular darhol o‘sha ayolni bu niyatidan qaytarishsin! Lekin, ehtiyot bo‘linglar, Jambulning o‘zi biror narsadan shubhalanib qolmasin. Menimcha, ayolning o‘g‘li orqali harakat qilsak yaxshi bo‘ladi. Hayronman, u qanaqa valakisalang ekanki, o‘zining bitta onasiga qarab yurolmasa! Senga oldindan bitta gapni aytib qo‘yay: agar mening topshirig‘im bajarilmasa, ishdan ketasan!» deb Shoyaxmetov stolni mushtladi. Bu topshiriqni imi-jimida darhol ado etdim. Bir qator salobatli ishlovlardan so‘ng o‘sha ayol Jambulga erga tegmaydigan bo‘ldi. Ko‘nglimiz joyiga tushib, bu xushxabarni Shoyaxmetovga yetkazishga oshiqdik. Keyin hammamiz birgalikda Jambulni yo‘qlab bordik. «Assalomu alaykum, Jaka!» deb jo‘r bo‘lib takrorladik Shoyaxmetovdan so‘ng. Jambul karavotda yuzini devorga qaratib yotardi. U qo‘lini bir silkitib qo‘ydi, xolos. Oradan birmuncha fursat o‘tgach, Jambul asta-sekin biz tomonga burildi. «Ey, ishton kiyib yurgan xotinlar! — dedi u jahli chiqib. — O’ylaysizlarki, men shahvoniy hirsimni qondirishim uchun uylanmoqchimanmi? Xalq orasida, otni yarim yo‘lda yo‘qotib qo‘ysang, yomon bo‘ladi, degan maqol bor. Kampirim o‘lgandan  buyon  kelinlarimning  qo‘liga  qarab  qoldim.
   Kelinim ostimdagi to‘shakni yangilab ketganini o‘zlaring ko‘rdilaring. Bu gunohi azim. Agar o‘zimning xotinim bo‘lganda, kelinga oson bo‘lardi. E-e, sizlar bunaqa gaplarni tushunmaysizlar! Necha yillardan beri Qozog‘istonga rahbarlik qilayotgan bo‘lsalaring-da, ammo tovuqning miyasicha miyalaring yo‘q!» deb Jambul yana devorga yuzini burib, yotib oldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:53:34
   Aytmatov. «O’sma ketar, qosh qolar» deb, bejiz aytishmagan. Ajabki, Jambul sho‘xlik bilan donishmandlikni o‘zida mujassamlashtirgan g‘alati inson edi. Umuman olganda, Suyunboy va Qatag‘on, Jambul va To‘qtagul, To‘g‘aloq Mo‘lda va Umbetali, Keken va Alimqul kabi qozoq va qirg‘iz oqinlarining chambarchas do‘stligi va doimiy aloqalari ikki xalq o‘rtasidagi birlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Jambul bilan Shobdan umrlarining oxirigacha yaqin do‘st bo‘lib qoldilar. Lekin, bu alohida mavzu.
   Shoxonov. Shobdan botir rus armiyasining polkovnigi unvoniga sazovar bo‘ladi, dvoryanlik martabasiga erishadi. Ammo, bu imtiyozlardan shaxsiy manfaati yo‘lida emas, o‘z xalqining manfaatlari yo‘lida foydalanadi. O’zi aslzodalar avlodidan bo‘lsa-da, juda katta nufuzga ega edi. Ochiq ko‘ngul, ziyrak, bag‘ri keng inson edi. Shu tobda Asqar Aqaev bilan shaxsiy suhbatimiz chog‘ida eshitganim bitta voqea esimga tushib qoldi.
   Qaysarligi bilan nom chiqargan Jambul gohida birorta kallavaram ovuldosh biydan ko‘ngli qolsa, darhol otiga minib, Olatovning janubiy etaklariga yuzlangancha: «Qirg‘iz birodarim Shobdan huzuriga ketyapman», der ekan. Cho‘ng Kemin sohilida o‘tirgan Shobdan kunlardan birida general-gubernator Kolpakovskiydan zudlik bilan yetib kelish to‘g‘risida buyruq oladi. Shobdan tezda faytonni qo‘shish haqida amr qiladiyu birdan otini eshiqdan kiraverishga bog‘layotgan Jambulga ko‘zi tushadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:54:05
   — Shoshmanglar! Kolpakovskiy hatto podshoh bo‘lganda ham, baribir Jambuldan ustun bo‘lmasdi. Jambulni kuzatganimizdan so‘ng yo‘lga otlanamiz. Uni ikki qun mehmon qilamiz, — deydi Shobdan.
   Keyin oqin do‘sti uchun olti qanotli oq yurt tikishni va barcha urug‘-aymoqlarni chaqirib kelishni mulozimlariga topshiradi. Yig‘ilganlarning taklifiga ko‘ra, Jambul tongga qadar «Manas», «Suranchi botir» dostonlarini ijro etadi. Shobdan dostonlarni rohatlanib tinglaydi.
   «Mening toychog‘im yoshligidan saxiy bo‘lgan, — derdi Shobdanning onasi Baali boyvuchcha. — Uni uch yoshigacha emizganman. Ba’zan u qo‘shnilarimizning o‘ziga tengdosh bolalarini ham ergashtirib kelardiyu ularni sutga to‘ydirib qo‘yishimni iltimos qilardi».
   Shobdanning navqiron zobit kiyimida tushgan bitta surati bor. Ko‘ksida ikkita medal yarqirab turibdi. Keksalik paytida tushgan boshqa bir suratida esa avvalgi ikki medaldan faqat bittasi qolgan, xolos. O’zi ham xorg‘in qiyofada. Buning sababi — muqaddam bo‘lib o‘tgan bir voqeaga bog‘liq.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:54:56
   Shobdan uyida o‘tirgan kunlarning birida ko‘chadan o‘tib ketayotgan tilanchi eshikdan mo‘ralaydi. Shobdan uni ichkariga taklif etib, xar xil mavzularda suhbat quradi. Ma’lum bo‘lishicha, bu bechora bolalik paytida sag‘ir bo‘lib qolgan, birorta ham qarindoshi yo‘q, faqat tilanchilik bilan kun ko‘rar ekan. Shobdan tilanchiga xayr-ehson qilish uchun uyni bir qur ko‘zdan kechiradi. Uning avvalgi boyliklari allaqachon sovurilib ketgan, bittayu bitta kulrang novvosi qolgandi, xolos. Shunda u ko‘kragini bezab turgan, rus saltanatidan sovg‘a qilingan ikki medalidan bittasini tilanchining qo‘liga tutqazib yuboradi.
   —   Pishpek bozoriga borgin-da, bu medalni sotib, puliga ho‘kiz-po‘kiz xarid qilgin. Turmushingni yaxshilab olgin, — deydi Shobdan tilanchiga.
   Yana bitta voqea esimga tushdi. Boyaka ismli bitta boyning Sadaf degan batragi bo‘ladi. Ayol sho‘rlik tongdan to qora xuftongacha xo‘jalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, na dam olishni, na o‘yin-kulgini bilardi. Boz ustiga, ko‘zlari g‘ilay, tili chuchuk edi. Bu yorug‘ dunyoda birorta qarindosh-urug‘i yo‘q, o‘zi hatto qo‘tir it ham orttirmagandi. Faqat pastqamgina ko‘rimsiz ikki to‘sinli kulbada istiqomat qilardi.
   —   Nega meni yer yutmas ekan! — deb ba’zan taqdiridan nolib qo‘yardi.
   Vaqti kelib, Boyaka kuzgi yaylovdan qishloqqa ko‘chib o‘tadi. Eski joyda Sadafning o‘zi yolg‘iz qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:55:34
   Tun bo‘yi kulbasi yonida uvlab chiqqan qashqir tovushidan qo‘rqib, ko‘z yummasdan tong ottiradi. Ertasi kuni oqshomga yaqin kulbasidan tashqariga chiqqan ayol shu tomon otda yo‘rtib kelayotgan Shobdan bilan Boyakani ko‘rib qoladi. Ularning ortidan bir guruh chavandoz ergashib kelardi. Ayol sho‘rlik quvonchini ichiga sig‘dira olmasdan qichqirib yuboradi:
   —   Shobdan botir, maqsim ichib keting!
   Atrofidagi biylaru volost amaldorlarining norozi bo‘lib hay-haylashiga qaramasdan, Shobdan ot yuganini kulba tomon buradi. Labi uchgan kosaga ichimlik to‘ldirib, ayol uni botirga uzatadi. Boyaka esa qo‘li bilan kosani nari surib:
—Ey, baxti qaro, yovg‘on sho‘rvangni yig‘ishtir! Botir ichmaydi! — deydi.
—Bizning odatimizga ko‘ra, ovqatdan ulug‘ narsa yo‘q. Uzating maqsimni! — deydi Shobdan. U otda o‘tirgan ko‘yi bir ko‘tarishda kosani bo‘shatib beradi. — Oh-oh, juda mazali ekan! Maqsimingiz juda zo‘r bo‘pti, darrov chanqog‘imni bosdi! — deb Sadafning ko‘nglini ko‘taradi. — Ertaga yigitlarni jo‘nataman, ular sizni ko‘chirib ketishadi. Yana bir kun sabr qiling, — deb va’da berib ketadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:56:29
   Chavandozlar yo‘llarida davom etadilar. Kulbadan xiyla olislagach, Shobdan Boyakaga qarab:
   —   Ey, Boyaka, agar o‘z ovulingdagi bitta sho‘rlik ayolga mehring yetmasa, qanday qilib butun boshli aymoqqa hukmron bo‘lib o‘tiribsan?! — deydi g‘azab aralash.
   Tez orada ayolni ovulga ko‘chirib, Shobdan unga to‘rt qanotli yurt qurdirib beradi va oltita qo‘y bilan bitta baytal sovg‘a qiladi.
   Esimda qolgan yana bitta voqea bor.
   Oq podshoning bosqinchilik siyosatiga qarshi bosh ko‘targan va «Oloy malikasi» deb nom qozongan Qurmonjon dodxohni rus armiyasining generali Skobelev asir oladi.
—Bolalaring qaerda? — deb so‘raydi general.
—Daraxt qo‘lingizda turibdi, uning shox-shabbalari qayoqqa ham ketardi? — deb javob qaytaradi matonatli ayol.
   Qurmonjon dodxohning irodasini bukib, bo‘ysundirishga ko‘zi yetmagan general asirani qo‘riqlash uchun o‘ttiz nafar soqchi tayinlaydi.
   Shunda Shobdan botir ayolning yonini oladi.
   —   Agar Qurmonjon dodxoh qochib ketsa, uning o‘rniga meni otib tashlaysiz, — dedi va ayolni asirlikdan qutqaradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:57:26
   1909—1911 yillarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Cho‘ng Kemin tumanida Shobdan «Shodmoniya» nomli madrasa ochadi. U yerda qirg‘iz, qozoq, o‘zbek, rus bolalari savod chiqaradilar. Keyin ularni botir Olmaotadagi, Pishpekdagi o‘quv yurtlariga shaxsan joylashtirib qaytadi.
   Yoshi bir joyga yetib, hayot tajribalari bilan aqli to‘lishgan botir o‘z farzandlariga bunday deb vasiyat qiladi:
   —   Men manaplarning oxirgisiman. Lekin, sizlar bu martabaga ko‘z tikmanglar. O’sha martaba orqasidan keladigan boylik ham, shon-shuhrat ham o‘tkinchidir. Ishonaveringlar, bu dunyoda dehqonchilik qilib, halol mehnat bilan kun ko‘rishdan yaxshisi yo‘q.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 17:59:40
   Aytmatov. Qoida bo‘yicha, tarix hujjat yordamida tasdiqlanishi kerak. Bizning xalqlarimizning hayoti ko‘pincha afsonaviy tus olib ketadi. O’sha hodisalarga zamondoshlar bilan avlodlarning munosabati shunda bilinadi. Hodisalarning mohiyati va ularga berilgan xalqning bahosi bizga shu tarzda yetib keladi. Misol tariqasida yana Shobdan to‘g‘risidagi afsonaga murojaat etishimiz mumkin. Keksalarning eslashicha, 1912 yili Shobdanning yurtida mashhur botirning xotirasiga bag‘ishlanib elga osh tortiladi. Olatovning janubiy va shimoliy etaklaridan juda ko‘p mehmonlar taklif etiladi. Qozoq va qirg‘iz xalqining munosib vakillari har tomondan yopirilib kelaveradilar; otlarning tuyog‘idan ko‘tarilgan chang-to‘zon vodiy osmonini qoplaydi. Shobdanni tiriklik paytida samimiy hurmat qiladigan Jambul ikki birodari — Kenen va Umbatali bilan birgalikda bir kun oldin yetib keladi. G’ala-g‘ovur, baqir-chaqir ko‘tarilgan poyga ham nihoyasiga yetib, aytishuvga navbat beriladi. Olomon orasidan har bir xalqning bittadan oqini o‘rtaga chiqib, aytishuv musobaqasida o‘z mahoratlarini namoyon qila-dilar. Chorpaxil biylar va kekkaygan manaplar yog‘li qazi-qartalarni yeb, xushta’m qimizlarni simirib o‘tirishadi. Qozoq oqini Umbetali Qoriboev sayroqi ko‘hna do‘mbirasini qo‘liga oladiyu qirg‘izlar bilan qozoqlarning chambarchas do‘stligini, Shobdanning yillar osha o‘sib borayotgan shon-shuhratini madh etib, kuylay boshlaydi. U To‘qtag‘ul sha’niga ham ofarinlar aytadi. To‘qtag‘ul nomi qulog‘iga chalinishi bilanoq bitta bekning aft-basharasi tirishadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:00:22
   —   Ovozingni o‘chir! — deb o‘shqiradi u. So‘ng Jambul bilan tizzasini tizzasiga tekizib o‘tirgan To‘qtag‘ulga o‘girilib: — Ey, qochoq, yurtdan yo‘qol! — deb qichqiradi. Shu yo‘sin Sibir surgunidan qochib kelgan buyuk oqinni sharmanda qilmoqchi bo‘ladi.
   Aytishlaricha, shu payt Jambul bagoyat gazablanib ketadi.
   —   Ey, taqsir! — deydi u kekkaygan mahmadonaga qarab. — Shobdan nafaqat qirg‘izlarning, balki qozoqlarning ham chin farzandi edi. U bizga juda ko‘p yaxshilik qildi. Mening qavatimda o‘tirgan To‘qtag‘ul ham ikki xalqning boyligi hisoblanadi. Shundoq bo‘lgach, ulardan birini ko‘klarga ko‘tarib, boshqasini tuproqqa qorib tashlash mumkinmi? Yoki bizning oramizda ulug‘ farzandlar tiqilib yotibdimi? To‘qtagulga o‘xshagan oqinlarni qozoq yoki qirg‘iz ayollari yuz yilda bir marta tug‘sa tug‘adi, bo‘lmasa tug‘maydi! Agar bundan keyin ham To‘qtag‘ul to‘g‘risida yomon gap aytilsa, men ma’rakani tashlab chiqib ketaman!
   Oqinning adolatli so‘zlari Shobdan avlodlarini qoyil qoldiradi: ular Jambulning yelkasiga zarbof chopon tashlaydilar va gijinglab turgan oq arg‘umoq sovg‘a qiladilar.
   Shundan so‘ng Jambul bunday deydi:
   —   Menga ko‘rsatgan izzat-hurmatlaring uchun katta rahmat. Lekin, men bu sovg‘a-salomlarni Sibirdan qaytib kelgan To‘qtag‘ulga topshiraman.
   Shu so‘zlarni aytib, qozoq oqini sovg‘alarni To‘qtag‘ulga topshiradi. Jambulning sa’y-harakatlari do‘stining obro‘-e’tiborini aymoqlari o‘rtasida yanada oshirib yuboradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:01:05
   Shoxonov. Yoshini yashab, oshini oshab bo‘lgan Jambul umrining oxirida ovuldoshlarini, qarindosh-urug‘larini, nevara-chevaralarini boshiga to‘plab, ularga shunday vasiyat qilibdi:
   —   Mana, sizlardan rozi-rizolik so‘raydigan paytim ham yetib keldi. Ko‘nglim sezib turibdi, tezda narigi dunyoga jo‘nayman. Kechasi tush ko‘rdim: menga Sariboy surnaychi qoldirgan qizil arslon go‘yo ostonamni tark etib, Olotovning janubiy tizmalari — qirg‘izlar tomon yo‘l oldi. Uni uch marta chaqirdim, lekin qayrilib qaramadi... O’lganimdan so‘ng meni o‘zim barpo etgan bog‘ ichiga dafn etinglar.
   Naql qilishlaricha, har qanday mashhur botir yoki oqin umrining oxirida shunday g‘aroyib tush ko‘ravermas ekan. Faqat ayrim zotlargina bunday sharafga muyassar bo‘larkan. Yirtqich hayvon yoki boshqa bir jonliq timsolida insonni balolardan asraydigan farishta kelar ekan. Bizni biror narsadan ogoh etish yoki kulfatdan saqlab qolish uchun doim tushimizga farishta kirar ekan. Masalan, qo‘ng‘iroqday ovozi bo‘lgan Qozibekning tushiga farishta bir juft bo‘ri timsolida, Kampirboy oqinning tushiga chipor o‘rdak timsolida, Jambulning tushiga esa qizil arslon timsolida kiradi.
   Jambulning nevarasi bo‘lmish yozuvchi Nag‘ashibek Qo‘polbekovning hikoya qilishicha, Siz o‘g‘lingiz Asqar bilan bir marta oqinning ovuliga mehmon bo‘lib borganingizni ko‘rgan ekan. Siz o‘shanda, milliy an’anamiz bo‘yicha, o‘g‘lingizni Jambulning bog‘idagi aziz joyga yumalatib, maqbara bilan o‘rab qo‘yilgan oqin mozoriga sajda qilgan ekansiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:02:15
   Aytmatov. Yoshligimda bitta oqsoqoldan eshitganim qiziq voqeani gapirib beraman. Jambul o‘lgan paytda janoza xabari Qirg‘izistonga yetib kelmaydi. Aftidan, hukumat tizimida ishlaydigan amaldorlardan birovi bu haqda xabar berishni unutib qo‘yadi, shekilli. Faqat marhumning ruhiga bag‘ishlab berilayotgan xudoyi kuni — «ettisi»ga qora terga botgan uchta otda Alimqul boshliq qirg‘izlarning mashhur oqinlari ko‘zda yosh bilan o‘kirib kirib kelishadi.
   —   Oh, og‘amizning tug‘ishganlari! — deb yig‘laganlaricha to‘plangan odamlarga qo‘llarini cho‘zadilar. — Nahot, Jambul faqat qozoqlarniki bo‘lsa? Nahot, u faqat qozoq xalqining faxri, milliy g‘ururi bo‘lsa? Qanday qilib uni qirg‘izlarsiz yerga ko‘mdilaring? Yuragimizda o‘chmas dog‘ qoldirdilaring-ku, birodarlar! Qani, bizga qabrini ko‘rsating: qirg‘iz xalqi nomidan mozoriga bir siqimdan tuproq sepmoqchimiz!— Keyin oqinlar birin-ketin do‘mbiralarini qo‘llariga oladilaru hech qanday tayyorgarliksiz kuylay boshlaydilar.
   Xalq uyatdan o‘z yog‘iga o‘zi qovuriladi. Gina-kuduratda jon borligini hamma biladi. Odamlar yer chizib qoladilar. Shu payt olomon orasidan do‘mbirasini ko‘targancha Umbetali Qoriboev chiqib keladiyu yig‘ilganlarga yuzlanib, aytimini boshlaydi. U qozoqlar bilan qirg‘izlarning qadimiy do‘stligi to‘g‘risida kuylaydi, Jambulning so‘zlarini eslatadi: «Suyaklarim qozoqlarniki, etim qirg‘izlarniki» Ikki qardosh xalq o‘rtasiga yaramas amaldorlarning kaltafahmligi tufayli nifoq tushmasligi kerak, deydi u aytimda. Ular janoza xabarini yetkazishlari lozim edi, lekin xabar bermadilar, deydi u aytimida. Aytimini tugatgach, oqin butun qozoq xalqi nomidan qirg‘iz qardoshlaridan uzr-ma’zur so‘raydi. So‘ng, qirg‘iz oqinlarining poyiga qalpog‘ini, choponini, belbog‘ini tashlab tiz cho‘kadi, boshini egadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:03:06
   Haqiqiy birodarlar quvonchli kunlarda ham, musibat paytida ham bir-biriga sodiq bo‘ladilar. Yuragida og‘ir tosh bilan ma’rakaga kelgan nufuzli uch qirg‘iz qozoqlarning samimiy afsus-nadomatlarini ko‘rishgach, otdan tushadilar-da o‘z aytimlarida boshlariga tengsiz musibat tushgan birodarlariga chin dildan hamdardlik izhor etadilar.
   Birodarlik bundan ortiq bo‘ladimi?
   Milliy tabiatimizda nasriylikka, ko‘tarinki sururga moyillik bor. Bu o‘z holicha go‘zal. Afsonalar shirin bo‘ladi, jozibador bo‘ladi. Lekin, ko‘tarinkilik qolipiga sig‘maydigan qaysar, zaharxandali shaxslar ham bo‘ladi. Shundaylardan Rayhon Shukurbekov bilan Mo‘ydin Aliboevni ko‘rib qolganman. Ular o‘ziga xos satirik yo‘nalishdagi kishilar edi. Yanglishmasam, sizlarda Bovurjon Momishuli shunday bo‘lsa kerak.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:05:10
      Shoxonov. Bo‘lmasam-chi! U qozoq xalqidan chiqqan noyob iste’dod. Menimcha, sobiq Sovet Ittifoqida aynan unga o‘xshash fojiali ham baxtli taqdir egasini kamdan-kam uchratish mumkin. Momishuli o‘zi haqida: «Harbiy sohada ham, yozuvchilik sohasida ham men polkovnik darajasida qoldim», degan edi.
   Bovurjon to‘g‘risida Azilxon Nurshaixov «Haqiqat va afsona» nomli ajoyib kitob yozgan. O’sha kitobda juda ko‘p qiziq ma’lumotlar bor. Jumladan, Momishuli Ulug‘ Vatan urushida misli ko‘rilmagan qahramonlik, jonbozlik namunalarini ko‘rsatadi va hayot paytidayoq afsonaviy qahramonga aylanib ketadi. Uni uch marta Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga tavsiya etadilar. Ammo, baribir unga yuksak mukofot berilmaydi. Keyinchalik u harbiy akademiyada generallarga dars beradi-yu, lekin o‘zi polkovnik darajasidan yuqori ko‘tarilmaydi.
   Sizning do‘stlaringizdan biri — yozuvchi Tog‘ay Axtanov Bovurjonni so‘nggi yo‘lga kuzatayotgan damlarda qabr ustida nutq so‘zlab, bunday dedi: «U qoliplangan zamonda qoliplarga sig‘masdan yashadi!» Bu so‘zlar og‘izdan-ogizga o‘tib yuradigan iboraga aylanib qoldi.
Darhaqiqat, Bovurjon Sho‘ro tuzumining temir qoliplariga sig‘madi. U o‘z tabiatiga monand hayot kechirdi. Bovurjon qat’iyatli, murosasiz shaxs edi. Doim haqiqatni betga aytardi. Natijada halol unvonlaridan, martabasidan mahrum bo‘lib qolardi. Ma’lumki, faqat tinchlik zamonida emas, balki urush yillarida ham ko‘plab adolatsizlik ro‘y berardi. Momishuli 272 bora o‘z askarlarini jangga ko‘taradi va har gal g‘alabaga erishadi. Uning jasorati Ulug‘ Vatan urushi sahifalarini bezab turibdi. Axir, bir qator xorijiy davlatlarning harbiy bilim yurtlarida Momishulining tajribalari maxsus o‘rganilayotgani bor gap-ku!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:06:21
   Aytmatov. Jambuldagi zooveterinariya texnikumida tahsil ko‘rib yurgan yillarim A. Bekning «Volokolamsk yo‘li» kitobini o‘qigan edim. O’shandan so‘ng Bovurjonni yaxshi ko‘rib qolganman. O’zining jasorati, bukilmas irodasi, qaysarligi tufayli, mana, bir necha avlod oldida obro‘-e’tibor qozonib kelayotir. Doim hayron bo‘lamanki, mana shunday mashhur qahramon bizning oramizda yashardi. Ishonchim komilki, qadimda o‘tgan barcha botirlaru pahlavonlar ham xalq orasida oddiygina hayot kechirganlar.
   Albatta, u paytlari Lenin mukofotiga sazovor bo‘lgan kunlarim Bovurjondan samimiy tabrik telegrammasi olaman deb aslo xayolimga keltira olmasdim. Keyinchalik biz goh Moskvada, goh Olmaotada bir necha marta chin ko‘nguldan suhbatlashdik. Esimda, bir gal men uni Arbat ko‘chasida uchratib qoldim.
   —   Menga qara, Chingiz, kamina to‘g‘risida xalq orasida 120 vagon mish-mish yuribdi. O’shandan 1 vagoni haqiqat, 119 vagon esa g‘irt yolg‘on. Senga haqiqatdan ham bo‘lib o‘tgan bir voqeani gapirib beraman. Fidel Kastroning shaxsiy taklifiga binoan bir marta Kubaga bordim. Qorachadan kelgan bitta go‘zal qiz huzurimga yugurib keldi-da: «Polkovnik, yoshligimdan buyon siz to‘g‘ringizda shunchalar ko‘p kitob o‘qiganman-ki, allaqachon sizni sevib qolganman. Agar xohlasangiz, sizga turmushga chiqaman, siz bilan yurtingizga ketaman!» dedi tortinmasdan. «Yaxshi qiz, qozoqlarda bir maqol bor, qizlarning xammasi yaxshi bo‘ladi-yu, yomon xotinlar qayoqdan paydo bo‘lar ekan?» deydilar.
   Sen mening fe’l-atvorimni umuman bilmaysan. Agar bilganingda bormi, hech qachon bunday gaplarni menga aytmagan bo‘larding», deb javob qaytardim. Agar tashabbus o‘zidan chiqqan o‘sha qizga uylanib, uni yurtimga olib kelsam, o‘zim haqimdagi mish-mishlar 200 vagondan ham ortib ketardi, — dedi polkovnik.
   Biz chin yurakdan qaxqaha otib yubordik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:07:23
   Shoxonov. Bir marta Momishulining Chimkentga kelgani hali-hali esimda. U paytlari «Leninshil jas» respublika gazetasining janubiy viloyatlar bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlardim. Endigina 22-23 yoshga kirgandim. Zig‘irdek yangilikka ham mahkam yopishib, har kuni gazetani o‘z maqolalarim bilan bo‘mbardimon qilardim. Kunlarning birida gazeta muharririga Siz yaxshi taniydigan yozuvchi Sherxon Murtazo qo‘ng‘iroq qiladi. Darvoqe, uning ajoyib tarjimalari bois Sizning asarlaringiz qozoqcha so‘ylab yuborgandi.
   —   Bovurjon Sariyog‘och kurortiga dam olgani ketyapti. Ertaga ertalab poezdda u Chimkentga yetib boradi. Viloyat rahbarlarini ogohlantirib qo‘ygin; uni yaxshilab kutib olishsin. O’zing ham ular bilan birga kutib olgani chiqqin, — deb topshiriq berdi menga muharrir.
   Zudlik bilan telefonda viloyat partiya qo‘mitasining kotibi Sulaymon Zadinga bog‘landim va Momishuli tashrif buyurayotganini xabar qildim. Birmuncha fursat o‘tguncha trubkaning narigi tarafidan sado chiqmay qoldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:08:04
   — Muxtor, — deb uff tortib yubordi kotib. — O’tgan yili bizning botirimiz odamlar oldida Meni sharmanda qilgan. Undan ko‘nglim qolgan. Uning yo‘liga peshvoz chiqmaganim ma’qul, shekilli. Meni zarur ish bilan qo‘shni tumanga jo‘nab ketgan, deb aytgin. Lekin, bu gap oramizda qolsin. Senga viloyat partiya qo‘mitasining mashinasini beraman. Mening nomimdan Sipataev nomidagi maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qilgin: Momishuli o‘sha maktabda o‘qigan. Pionerlar gul ko‘tarishib, Bovurjonni kutib olgani chiqsinlar.
   Endi o‘zimning yuragimga g‘ulg‘ula tushib qoldi. Botirning xurmacha qiliqlari to‘g‘risida ko‘p eshitgandim. Agar biror narsa yoqmasa, undan shafqat kutmaslik kerak. U har qanday kishining po‘stagini qoqib qo‘yishi mumkin: amaliga, nomiga qarab o‘tirmaydi. Axir, «Volokolamsk yo‘li» asarini yozgan mashhur yozuvchi Aleksandr Bekning o‘ziga: «Agar kitobda zarracha yolgon bo‘lsa, qo‘lingni sindiraman!» deb dagdag‘a qilgan odam hech kimdan hayiqmasdi-da!
   G’alaba kuniga Bovurjondan intervyu olib kelish to‘g‘risida topshiriq berilgan bitta jurnalist: «Yaxshisi, zooparkka borib, yo‘lbarsning boshini silab kelishga jo‘nata qoling! Lekin, Momishuli huzuriga aslo bormayman!» deganiga shaxsan guvoh bo‘lganman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:09:12
   Xalq orasida og‘izdan-og‘izga o‘tib yuradigan bir voqea bo‘lgan ekan. Ma’lumki, u paytlari yozuvchilar boshqalarga nisbatan ancha yaxshi yashardilar. Hatto o‘rtamiyona yozuvchi ham bir yilda kitobini bosmadan chiqarib olsa, qalam haqiga bemalol mashina xarid qilishi mumkin edi. Odatda, har yili qo‘shni respublikalardan Yozuvchilar uyushmasiga mashina xaridorlari yopirilib kelishardi. Ular oldi-sotdiga uquvi yo‘q yozuvchilardan arzongarovga mashina xarid qilib, keyin yangi rangga bo‘yab sotishni va mo‘may foyda ko‘rishni rejalashtirardilar. Bir yoz faslida o‘shanday ucharlar yana tag‘in bizning atrofimizda girdikapalak bo‘lib qolishdi. Ishbilarmonlarni kalaka qilish niyatida yozuvchilardan biri: «Eshitishimcha, Bovurjon o‘z aravasini sotmoqchi bo‘lib yuribdi», deb shipshitib qo‘ydi. «Rostdanmi?» deb so‘radi xaridor ishonqiramay. «Boring, u bilan gaplashib ko‘ring. Agar ko‘nglini topsangiz, mashinasini tekinga hadya etib yuborishi ham mumkin. Momishuli nihoyatda saxiy inson», deb xaridorlarni ruhlantirdi boyagi hazilkash. Mazaxo‘rak bo‘lib qolgan ikki xaridor omadlari chopganidan suyunishib, botirning uyiga jo‘nab ketdilar.
   Xaridorlar yetib borgan payt Bovurjon endigina nonushta qilib, yelkasiga choponini tashlagancha bamaylixotir gazetalarni o‘qib o‘tirardi. Kutilmaganda eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoladi. U eshikni ochib, ikki begona kishini kvartiraga taklif etadi. Ularning aft-basharasini ilk bor ko‘rib turgan bo‘lsa-da, milliy an’anaga muvofiq mehmonlarni uyga olib kiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:10:07
   —   Ey xotin, qozonni osib yubor! — deb qichqiradi botir oshxona tomonga qarab.
   Mehmonlar yaltoqlanadilar. Tik turganlaricha nima maqsadda kelganlarini tushuntira boshlaydilar. Bovurjon shu zahoti ularning gapini bo‘lib:
   —   Shoshmanglar! — deb qo‘l siltaydi. — Qozoqlarning odatiga ko‘ra, avvalo, mehmon unga atab pishirilgan ovqatni tanovul qilishi kerak. Ish to‘g‘risida keyin gap bo‘ladi.
   Hamma dasturxon tevaragiga o‘tiradi. Do‘stona vaziyatda choyxo‘rlik qiladilar. Choydan so‘ng dasturxonga beshbarmoq keltiriladi. Tamaddi qilishgach, o‘rnilaridan turishib, qo‘llarini yuvadilar. Keyin ish to‘g‘risida gap boshlaydilar.
   —   Mana, endi ishga o‘tsak ham bo‘ladi, — deb ruxsat beradi Bovurjon. U bemalol sigaret chekib o‘tirardi.
   Shu payt mehmonlardan birovi tavoze bilan o‘rnidan turib, ming‘irlaydi:
   —   Eshitimizga qaraganda, Siz mashinangizni sotmoqchi ekansiz... Aytishlaricha, Siz umuman mashina minmas emishsiz... Biz mashinangizni sotib olishimiz mumkin...
   O’z tabiatiga ko‘ra nihoyatda saxiy bo‘lgan Momishuli oldi-sotdiga mutlaqo uquvsiz edi. Umrida hech qachon savdo bilan shug‘ullanmagan, bunday ishni o‘zi uchun isnod deb bilardi. Gap nimadaligini bilgach, birdan miyasiga qon tepadi. O’rnidan sapchib turib, stol g‘aladonidan to‘pponchasini chiqaradi.
   —   Turinglar! — deb qichqiradi. Anavi azamatlar sapchib o‘rnilaridan turishadiyu dir-dir titrashgancha miq etib og‘iz ocholmaydilar. — Yotinglar! — deb buyuradi botir.
   To‘pponcha o‘qtalib turgan kishidan yaxshilik kutib bo‘lmasdi: qo‘rquvdan es-hushini yo‘qotayotgan mehmonlar g‘azabi jo‘shib ketgan xo‘jayin buyruqlarini so‘zsiz bajaradilar. Qirq marta o‘tirib-turadilar. So‘ng yana polga yotadilar.
   —   Orqaga buril! — deb buyruq beradi xo‘jayin. — Marsh! Senlarga sotganimdan ko‘ra, o‘sha mashinamni yoqib yuboraman!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:10:37
   Bovurjon to‘g‘risida shunga o‘xshash gaplarni juda ko‘p eshitgandim. Shu bois, tabiiyki, pionerlar bilan uni vokzalda kutib olishdan yuragim po‘killardi.
   O’sha paytlari janubda Norboy ismli nihoyatda o‘jar, tili zahar oqin yashar edi. U menga bir necha bor, Bovurjon yaqin qarindoshim, inim desam ham bo‘laveradi, shu kungacha hech qachon gapimni yerda qoldirmagan, deb maqtangan edi. Boshqa ilojim qolmagach, Norboyga sim qoqdim.
—Og‘a, Siz Bovurjon Momishulini taniysizmi? — deb so‘radim salomalikdan so‘ng.
—Namuncha avjing sust? — dedi u. — Men qanday qilib uni tanimas ekanman? Axir, inim bo‘ladi-ku!
—Juda zo‘r! — dedim suyunib. — Ertaga Momishuli «Moskva — Olmaota» tezyurar poezdida Chimkentga keladi. Uni birgalashib kutib olamiz. Sizni o‘zim mashinada olib ketaman.
   Trubkani joyiga qo‘yib, yengil tin oldim. Endi xavfsiramasam ham bo‘lardi. Birinchidan, bilardimki, Bovurjon og‘a keksalarni juda hurmat qilardi. Ikkinchidan, rostdan ham ular Norboy bilan qarindosh bo‘lishlari mumkin. Biroq, Momishuli hech qachon gapimni qaytarmagan degan so‘zlar kaminada Norboyga nisbatan andak shubha qo‘zg‘agandi. Chol maqtangan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:12:15
   Ertalab Norboyni mashinaga o‘tqazib, vokzalga yo‘l oldik. Vokzalda uch nafar pioner gul ko‘tarib turishgan ekan. Ularning yonida maktab zavuchi Jumagul Sarsenov bor edi. Tez orada jadval bo‘yicha perronga tezyurar poezd kelib to‘xtadi. Mana, Momishulining o‘zi ham zinapoyadan tushdi. Ko‘rinib turardiki, u rostdan ham dam olmoqchiga o‘xshardi: gimnastyorka kiygan ikki askar bir juft katta jomadonni botirning yoniga keltirib qo‘ydilar.
   Odat bo‘yicha, mehmon bilan avval oramizdagi eng keksa kishi — Norboy so‘rashdi. Aftidan, ular yaqin tanishdek tuyuldi. Keyin Bovurjon bilan Sarsenov ko‘rishdi va hayron bo‘lib turgan pionerlarni turtib, ularni botir tomon jo‘natdilar. Men ham Bovurjon bilan hurmatini joyiga qo‘yib salom-alik qildim-da, jomadon tomon ketdim. Bovurjon kulumsirab pionerlarni o‘pib, gullar uchun minnatdorlik izhor etdi. So‘ng mashina turgan joyga qarab yurdik.
   Shu chog‘ Norboy:
   —   Bovurjon, kelinimizni nega olib kelmading? — deb qo‘qis so‘rab qoldi.
   Botir o‘zini eshitmaganga soldi. Ortidan ergashib borayotgan Norboy savolini takrorladi.
   —   Bovurjon, kelinimizni nega olib kelmading?
   Bu safar ham botir o‘zini eshitmaganga solib, yo‘lida davom etdi.
   Mashina yoniga yaqinlashib qoldik. Hamon Bovurjonning orqasidan yopishqoq yelimday ergashib kelayotgan Norboy boyagi savolini uchinchi marta qaytardi. Shundan so‘ng Momishuli joyida taqqa to‘xtadi. Qoshlarini uyub oldi, mo‘ylovi tarvaqaylab ketdi.
   —   Qari cho‘chqa, kelinni nima qilasan?! — dedi botir tishlarini g‘ichirlatib.
   Norboy titrab, rangi oqarib ketdi.
   —   Yo‘-o‘q... shunchaki... qarindoshlarini ko‘rib ketardi-da, — dedi ko‘zlari bilan yer suzib.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:13:35
   Kutilmaganda janjal chiqib ketishidan rostakamiga sarosimaga tushib qoldim. Xayriyat, janjal davom etmadi. «Vosxod» mehmonxonasiga omon-eson yetib bordik. Bovurjon menga pasportini berdi. Oldindan unga maxsus xona ajratib qo‘yilgandi. Xonani rasmiylashtirish  uchun   navbatchiga  hujjatni  uzatdim.
   Rostini aytsam, Momishulining pasportini ko‘rib og‘zim ochilib qoldi: shu qadar titigi chiqib ketgandi-ki, qoq o‘rtasidan ikki ajralib, surat o‘rni bo‘m-bo‘sh edi.
   Oradan birmuncha fursat o‘tkazib, xonaga kirib bordim. Momishuli bilan Norboy bamaylixotir suhbatlashib o‘tirishardi. Men obro‘yimning borida bu yerdan yaxshilikcha juftakni rostlamoqchi bo‘lardim-u, lekin jo‘yali bir bahona topolmasdim. Nihoyat, endi og‘iz ochishimni bilaman, birdan botirning guldurak tovushi eshitildi:
   —   Ey bola, pastda — birinchi qavatda restoran bor. Tushundingmi?
   —   Tushundim, — dedim.
   —   Tushungan bo‘lsang, borib biror narsa buyurib qo‘ygin. Mening hisobimdan. Biz manavi chol ikkovimiz birpas turib boramiz.
   Restoranga kirib, markaziy stollardan birini egalladim. So‘ng, ofitsiantkani chaqirib, hozir bu yerga Bovurjon Momishuli tushlik qilgani keladi, deb tushuntirdim.
   —   Ha-a, anavi injiq cholmi? — deb birdan ofitsiantka sarosimaga tushdi va shu zahoti tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:14:54
   Bir daqiqadan so‘ng stolga yap-yangi oppoq dasturxon yozildi. Buyurtmani hozirlash uchun ofitsiantka oshxonaga ravona bo‘ldi.
   Ko‘p o‘tmasdan Bovurjon bilan Norboy restoranga kirib keldilar. Aftidan, ikkovi ham mamnun, quvnoq ko‘rinardi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, bizning qavatimizga Jumagul Sarsenov ham qo‘shildi. Har xil taomlar uyub tashlangan dasturxon tevaragida Momishuli bir oz yozilib, o‘tgan yili Issiqko‘lda qanday xordiq chiqarganini so‘ylay boshladi. Lekin, shu payt bizning stolimizga chorpaxil bir kishi yaqinlashib keldi. Bilishimcha, u Suzoq tumanidagi bitta sovxozning direktori bo‘lib ishlardi. Chorpaxil qadamini sekinlatmasdan kelib Norboyning qo‘llarini siqdi. Stol tevaragida o‘tirgan odamlar jimib qolishdi.
   —   Assalomu alaykum, Norboy og‘a! Eshitishimcha, yaqin bizning sovxozga borgan ekansiz. Kechirasiz, o‘sha paytlari men yo‘q edim. Yana biz tomonlarga boring, kutamiz, — deb vaysardi u. Xuddi kanaday yopi-shib oldi. Bizga umuman e’tibor bermasdi.
   Bo‘pti-bo‘pti, boraman, — deb boshini silkitib rozilik berdi Norboy. Yana-tag‘in botirning g‘azabiga duchor bo‘lmaslik uchun yopishqoq muxlisidan tezroq qutilishni istardi.
—Nake, iloyim, sog‘-salomat bo‘ling! — deb nihoyat Norboyning tanishi orqasiga burilib eshik tomon yo‘naldi.
—Ey, yigit! — deb baland tovushda uni Bovurjon chaqirib qoldi.
   Direktor stolimiz yoniga qaytib keldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:15:36
—Mening ismim Bovurjon Momishuli. Aytchi, bir dasturxon atrofida o‘tirgan odamlardan faqat bittasi bilan salom-alik qilishni qaysi ota-bobongdan o‘rganding?
—O’-o‘, iltimos, kechiring! — deb o‘zini yo‘qotib qo‘ydi yigit. O’zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. — Nahotki, o‘sha kishi siz bo‘lsangiz?
—Bu kishi sovxozlarimizdan birining direktori bo‘ladi, — deb vaziyatni yumshatmoqchi bo‘ldi Norboy.
   Momishuli uning gapini shart kesdi-da:
   —   Dastlab, o‘zini tarbiyalab olsin, keyin boshqalarga rahbarlik qiladi. Marsh! — deb buyurdi direktorga. Beixtiyor mo‘ylovini qimirlatdi.
   Yana birpas o‘tirib, tushlikni tugatdik. O’zim hisob-hitob qilmoqchi bo‘ldim. Lekin pulim yetmasdi. Shunda hujjatlarimni qoldirib, qarzimni to‘laganimdan so‘ng qaytarib olishga qaror qildim. Shu niyatda endi cho‘ntagimga qo‘l solgan edimki, Momishuli darhol to‘xtatdi.
   —   Ey bola, cho‘ntagingni paypaslamasdan jimgina o‘tir! Hech qachon, hech qaerda mehmonlarimga mening hisobimdan hisob-kitob qilishlariga yo‘l qo‘ymaganman, — dedi botir.
   Ofitsiantkani chaqirib, hisob-kitob qilishni so‘radi. U negadir sarosimaga tushib, o‘zini tetik tutishga urinib ko‘rdi: ko‘zlarini suzdi, belidan pastrog‘ini o‘ynatdi, so‘ng qandaydir summani aytdi. Bovurjon pulni qo‘liga tutqazdi-da:
   —   Men sizning kuyovingiz emasman! — dedi keskin ohangda. — Ro‘paramga kelib qilpillashning aslo xojati yo‘q!  Marsh! — Yuragi yorilayotgan sho‘rlik ayolning ortidan o‘qrayib qarab qoldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:16:44
   Aytmatov. Momishuli o‘z xalqining erkatoy farzandi edi. Tabiatan murakkab, notekis bo‘lishiga qaramasdan, keksalarni hurmat, yoshlarni izzat qilishni ham bilardi.
   Shoxonov. Ertami-kechmi, adolat baribir tantana qiladi. Ulug‘ Vatan urushi tugagandan so‘ng, oradan deyarli ellik yil o‘tgach, Nursulton Nazarboev Moskvaga bir necha marta murojaat etgach, nihoyat, Bovurjon Momishuliga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. Bu quvonchli hodisani butun Qozog‘iston xalqi shod-xurramlik bilan kutib oldi.
   Iltimosimga binoan bitta qozog‘istonlik rassom oq arg‘umoq minib, qo‘liga nayza ushlab turgan Momishulining rasmini chizdi. Rasm ostiga men mo‘‘jazgina she’r yozib berganman. O’zimning kamtarin sovg‘amni O’roljon Masatboev orqali Momishulining chirog‘ini yoqib o‘tirishgan o‘g‘li Bahitjon bilan botirning kelini Zaynabga tortiq qildim. Bu mening botirning o‘lmas xotirasiga hurmatimning kichik bir belgisi, xolos. U g‘aroyib inson edi, fe’l-atvori ham betakror edi.
   Aytmatov. Esingdami, Talas vodiysida «Manas»ning 1000 yilligini nishonlash uchun ketayotgan paytimiz yo‘l-yo‘lakay Jambulning ustidan o‘tgan edik? O’shanda shaharning eng ko‘rkam mavzesida naqd ikki qavatli uy barobar balandlikda Momishulining og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradigan iboralari yozib qo‘yilganini ko‘rgan edik. Buning tashabbuskori — o‘sha paytdagi viloyat hokimi O’mrbek Boygeldi edi. Bilmadim, ko‘zimiz ilgargi o‘tkinchi shiorlarga o‘rganib qolgani uchunmi, o‘sha yozuv bizga bag‘oyat yoqimli ko‘ringandi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:17:39
   Shoxonov. Bir kuni Qozog‘istonning Bishkekdagi elchixonasiga amerikalik olim Den Prior tashrif buyurdi. O’rtamizda qiziqarli suhbat bo‘lib o‘tdi. U: «Cho‘qon Valixonov Qirg‘izistonga safari chog‘ida yozib olgan «Manas»ning «Ko‘katoyxon janozasi» bo‘limiga yaqinda 140 yil to‘ladi. Shubhasiz, bu voqeaning juda katta ilmiy ahamiyati bor. Shunga qanday tayyorgarlik ko‘ryapsizlar?» deb so‘rab qoddi.
   Rostini aytsam, bu savol kaminani uyaltirib qo‘ydi. Okean ortida yashaydigan amerikalik yigit Cho‘qonning ilmiy merosiga nihoyatda qiziqib, uni hurmat qilib bu yerga kelgandi. Suyukli olimning ylmiy ishlarini, o‘z qo‘li bilan chizgan rasmlarini yaxshiroq idrok etish maqsadida Issiqko‘l sohillarini yayov kezib chiqibdi, Cho‘qon yurgan yo‘llardan Qizil O’ngur bo‘ylab o‘tibdi, Manas cho‘qqisiga chiqibdi, To‘p darasini suratga tushiribdi.
   Aytmatov. Cho‘qon yoshlik paytidayoq qahramonlik qilgan. To‘g‘ri, «Manas» jamiki turkiy xalqlarning milliy iftixori hisoblanadi. Lekin, uning haqiqiy ijodkorlari qirg‘izlardir. Cho‘qon birinchi bo‘lib uni Yevropaga tanishtiradi. O’sha paytlari bu hodisa «Misr ehromlari»ning kashf etilishi bilan barobar bo‘ladi. Shunday emasmi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:18:26
   Shoxonov. To‘g‘ri. Cho‘qon Issiqko‘lga safari chog‘ida To‘p darasi etaklaridagi yaylovda bir qirg‘iz oqinining mehmoni bo‘lganini ko‘pchilik bilmaydi. O’z kundaligida quyidagi so‘zlarni yozib qoldirgan: «Bugun men qirg‘iz oqini huzurida bo‘ldim. Uning og‘zidan «Manas»ning bir parchasini yozib oldim. «Ko‘katoyxon janozasi» deb ataladi. Nazarimda, bu qirg‘izlarning qog‘ozga tushirilgan birinchi so‘zlari bo‘lsa kerak. Hozir eposni rus tiliga tarjima qilyapman. Sharqni o‘rganayotgan va mahalliy tillarni bilmaydigan olimlarga yordam bo‘lishi uchun muxtasar lug‘at tayyorlamoqchiman». Cho‘qon yozib olgan «Ko‘katoyxon janozasi» rus tiliga tarjima qilinib, Rossiyaning Jo‘g‘rofiy Imperator jamiyati ilmiy kengashiga 1861 yilda taqdim etiladi. Bu ish akademik P. P. Semyonov-Tyanshanskiy rahbarlik qiladigan rus olimlari tomonidan muhokama qilinadi. Keyinchalik o‘sha ilmiy kengash to‘g‘risida N. I. Veselovskiy degan olim to‘lqinlanib bunday degan edi:
   «Cho‘qon rus tilidan omilkorlik bilan foydalanadi. Lo‘nda iboralar bilan teran ma’nolarni ifodalay olgan. U qirg‘iz eposini badiiy jihatdan yorqin tarjima qilishga erishgan!»
   Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, «Manas»ning o‘sha parchasi, Cho‘qon Valixonovning qirg‘izlar to‘g‘risidagi «Jung‘ariyaga chizgilar» nomli ilmiy tadqiqotlari bilan byrgalikda nemis, ingliz, frantsuz tillarida chop etiladi. Shunday qilib, buyuk olim birinchi bo‘lib jahon jamoatchiligini «Manas» eposi bilan tanishtiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:19:25
   Aytmatov. Nima bo‘lganda ham Cho‘qonning qisqa hayoti sir-asroru jumboqlarga to‘la. Dostoevskiyning rafiqasi bo‘lmish Anna Grigorevna xotiralarida men g‘alati dalilga duch keldim. Cho‘qon bilan eskidan do‘stlashib yurgan ulug‘ rus yozuvchisi F.M. Dostoevskiy Valixonov o‘limidan keyin bir yil o‘tgach, tong saharda tush ko‘radi. Go‘yo ular Cho‘qon ikkovi Irtish daryosi sohilida sayr etib, oqimni tomosha qilishib, bir nimalar to‘g‘risida suhbatlashib yurishganmish. U paytlari Fedor Mixaylovich bo‘ydoq edi. Taqdir undan butunlay yuz o‘girganday tuyulardi. Juda qiynaladi, azob chekadi. Sirdosh do‘sti tushiga kirganini yaxshilik alomati deb bilgan Dostoevskiy o‘sha kuniyoq Anna Grigorevna Snitkinadan rozilik so‘raydi. Bu qizga ko‘pdan beri ko‘ngul qo‘yib yurgandi.
   Naql qilishlaricha, Dostoevskiy o‘sha hodisani bot-bot eslab, ajoyib ayol bilan umr yo‘ldoshi bo‘lishida yordam bergan do‘sti Cho‘qon oldida qarzdor ekanini doim takrorlar ekan.
   Shoxonov. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, Cho‘qon vafot etgach, bolaliqdan birga o‘sgan, birga o‘qigan do‘sti G.N. Potanin ataylab Qushmurunga — Cho‘qonning otasi Chingiz og‘a huzuriga yetib boradi. Hamdardlik izhor qiladi, yaqin do‘stidan ajralib qolganidan afsuslanadi. Keyinchalik Potanin Omsk va Peterburg omborlaridan Cho‘qonning qo‘lyozmalarini izlab topadi va olimning ilmiy ishlarini ilk bora alohida to‘plam shaklida nashr ettiradi.
   Mana, boshqa bir hodisa. Bitta johil odam marmardan qo‘l tegirmoni yasash maqsadida Cho‘qon Valixonovning qabri ustiga o‘rnatilgan yodgorlikning yarmini kesib oladi. Bu voqea 1917 yilda ro‘y beradi... Shu munosabat bilan Cho‘qon va Dostoevskiyning do‘stligiga bag‘ishlangan balladamni o‘qib bermoqchiman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:20:15
   Fedya, do‘stim, balki bu yozmishim
   so‘nggi nafas, eng so‘nggi nigohimdir,
   bevafo dunyoga so‘nggi ohimdir.
   Oq-qora aralash tinar mish-mishlar,
   nihoyat, bir kuni jafokash shu el
   kuzatib qo‘yadi eng so‘nggi yo‘lga...
   
   Qorong‘i qabrga dadil kirganim —
   umumning umidi mening umidim
   ekanin ko‘rishsin, tushsin dahshatga
   yolg‘onlar kemirgan mana shu elim.
   Topilar bizlarni uyg‘otguvchi ham!
   Ushbu nomam senga borib yetganda
   chechaklar unadi mening tanamda.
   
   Sen, ey, tuturiqsiz, beyuz, beqo‘nim
   muvaqqat qonunlar — yoqangda qo‘lim,
   sen, Fyodor, tayanchim, yuragim qo‘ri,
   o‘zingga baxshida qalbimning to‘ri.
   Yurtlardan oralab oqqan daryolar
   xazina keltirar, bitar yaralar.
   Ularning erkini bo‘g‘moq mushkuldir,
   knyazlar hiylasi, bilsang, bir puldir.
   Qo‘yaver, shu hayot bo‘yin tovlasin.
   Bizlar-da o‘xshaymiz ulug‘ daryoga,
   ulug‘dan kulmakka bordir kimda had ?
   Ulug‘ daryo!
   
   Sen bilan tortishadi kim?
   Pokiza xayollar baxsh etar mavjing.
   Aybdor kim? Zohiru na-da botining
   bilmagan bandaning bersin dodini.
   Jon do‘stim! Joy olgansan mudom
   bag‘rimdan, hasadgo‘y har yonda tortar baringdan.
   O’y-fikring allalar dunyo beshigin,
   sen mening qalqonim, qalbim qo‘shig‘i.
   Orzuyim sevsinlar qozoq ovuli,
   men sevganday, Fyodor, do‘stim, bovurim.
   
   Uyg‘ondim farahbaxsh nurni hovuchlab,
   tushimda boryapsan meni opichlab...
   Ishongim kelmaydi — umrim juda oz,
   va lekin, xayoli uchqur, sarafroz.
   Matayning ustida qizaradi oy,
   bir yulduz titraydi, so‘nib, hoynahoy,
   uchmoqni istaydi. Xael to‘zg‘igan...
   Cho‘qon yo‘q. Maktub uzilgan.
   
   Kurashda kim yutdi? Inson yo asr?
   G’oliblik insonga bo‘ldi muyassar!
   Kuchga to‘lib, yurtga quvvat baxsh etdi,
   yigirma to‘qqizda qayta hayot boshladi...
   «Olisda porlaydi bir mitti yulduz».
   Bostirib boradi tobora kunduz...
   Iste’dod bo‘ysunmas vaqtu muhitga,
   aksincha, qaritar necha asrni.
   Sibirda so‘rashsa, albatta, eslar,
   Fedor Dostoevskiy degan asirni.
   Oltinamal — sor qo‘rg‘on!
   Kim do‘stu kim dushman — o‘zing guvohsan.
   Bag‘ringda uxlaydi barhayot Cho‘qon,
   dard to‘la yurakdan ko‘chgan bir ohsan.
   Bir voqea bo‘lmasaydi gar
   nuqta qo‘ymoq payti kelgandi.
   Gohida payqamay qolganing zabar
   zarni ham yitadi, etib besamar.
   «Cho‘qonga yodgorlik qo‘ysa arziydi!»
   Rus do‘stlar keldi shunday to‘xtamga.
   Keltirib Toshkentdan toshi azimni
   bir haykal o‘rnatdi bunda Cho‘qonga.
   Rostdan ham, odamning olasi ichda,
   marazin yashirib yotadi kutib,
   nasabsiz bir murtad zimiston kechda
   haykalga chang soldi nafasin yutib.
   Sindirgan toshidan imi-jimida
   yasamish uyiga jozib yorg‘uchoq,
   hammani so‘qir deb o‘ylar ko‘nglida
   tarixin unutgan xotini taloq.
   
   Qo‘ldagi toshbolta boshladi yo‘nib,
   haykalmas, ruhoniy ko‘ngillar sindi.
   Mo‘‘jiza! Boltani bir chetga qo‘yib,
   tuyqusdan ingradi, obdon so‘kindi.
   Toshbolta sindirgan o‘tkir payraha
   murtadning ko‘ziga sanchilib botdi.
   O’tmishni kim toptab, ursa qahqaha
   tarix-chi, undayga palaxmon otdi.
   
   Arg‘amchi solib uchdi, to‘ldirib ko‘kni
   shu bahor Matayda qishlagan qushlar.
   Do‘stlar ko‘taradi do‘stning yukini,
   piterlik jon do‘stga yetdi xushxabar.
   Fedor Dostoevskiy ko‘zga olib yosh
   o‘yladi: qilmishga yarasha qazo.
   Do‘stlik — bir tun uzra quyosh
   va bordir dunyoda jinoyat, jazo.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:21:27
   Aytmatov. Har  qanday  ezgu yoki  yovuz  niyat ham, odamlarning sa’y-harakati ham hech qachon javobsiz qolmaydi. Juda mag‘zi to‘q she’r yozibsan. Turmushimizda uchraydigan sir-sinoat biz o‘ylagandan ko‘ra teranroq bo‘ladi. Bu narsani atroflicha tushuntirib bergansan.
   Shoxonov. Chike, esimda bor, zamonamizning buyuk musiqachisi Dmitriy Shostakovich vafot etgach, «Muzс‹kalnaya jizn» jurnalida unga bag‘ishlangan xotiralaringiz e’lon qilindi.
   Aytmatov. Shostakovich bilan ilk bor Moskvada — Lenin va Davlat mukofotlari qo‘mitasida uchrashganman. Qo‘mitaning keng-mo‘l yo‘lagi bo‘ylab o‘zaro gaplashgancha Shostakovich bilan Tvardovskiy men tomonga asta-sekin yaqinlashaverdilar. Aleksandr Trifonovich meni ko‘rgan zahoti Shostakovichga murojaat etdi:
   —   Dmitriy Dmitrievich, tanishib qo‘ying, biz boya gaplashganimiz Aytmatov shu kishi bo‘ladi, — dedi.
   Shostakovich menga razm soldi-da, beozorgina kulimsiradi. So‘ng uzatilgan qo‘limni asta siqib qo‘ydi. O’shandan keyin qo‘mitaning majlislarida biz doim birga bo‘ldik. Shostakovich qachon so‘zlaydigan bo‘lsa, siyosiy mafkura ruhi bilan sug‘orilgan asarlarni orqaga surib, badiiy ijod namunalarini qo‘llab-quvvatlardi. Bizning fikr-mulohazalarimiz ham, dunyoqarashimiz ham doimo bir-biriga mos kelardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:21:58
   Bir gal biz Shekspir to‘g‘risida gaplashib qoldik.
—Shekspir abadiyatga daxldor. Chunki, Gamletlar, qirol Lirlar doim bizning oramizda yashaydilar, — dedi Shostakovich. U gap o‘zanini insoniyatning shu bugungi muammolariga qaratdi.
—Siz yangi Shekspirning dunyoga kelishiga ishonasizmi?
—Yangi Shekspir dunyoga kelmaydi. Lekin, shubhasiz, u bilan bemalol bo‘ylasha oladigan daho tug‘iladi.
   —   Men bunga ishonmayman.
   —   Men esam ishonaman! — Shostakovich shu zahoti o‘z ishonchining to‘g‘riligini isbotlay boshladi. — Yangi Shekspirning paydo bo‘lishi uchun hozir juda ko‘p shart-sharoit mavjud. Negaki, avvalgi asrlarda insoniyat hech qachon ma’naviy jihatdan bu qadar kuchli, har taraflama rivojlanmagan edi. Ertami-kechmi yana bitta buyuk iste’dod paydo bo‘ladiyu dunyoni qudratli san’at qarshisida bosh egishga majbur qiladi.
   Uning fikr-mulohazalarini tinglab beixtiyor aytgan gaplarini tasdiqladim.
   —   Chingiz, — deb murojaat etdi, — sendan ikkita narsani iltimos qilaman. Birinchisi — asarlaringdagi qahramonlarni qurshab olgan olamni kuching yetgancha falsafiy jihatdan idrok etish yo‘liga o‘tgin. Ikkinchisi — bu dunyoda ko‘z ochib-yumguningcha o‘tib ketadigan umrning har bir daqiqasini g‘animat bilgin. Sen jamoat ishlariga haddan tashqari ko‘p vaqtingni sarflayapsan. O’zing bilasan, xuddi shu ma’noda men ham qiynalaman.
   Qarama-qarshiliklardan iborat bu hayotda mumtoz zotning do‘stona maslahatlariga amal qila olamanmi-yo‘qmi, hayotning o‘zi ko‘rsatadi...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:22:37
   Shoxonov. Dmitriy Dmitrievich bilan qay yo‘sinda ilk bor uchrashgani to‘g‘risida Yevgeniy Yevtushenko bunday hikoya qiladi: «1963 yilning bahor payti musiqachi uyimizga sim qoqdi. Trubkani xotinim ko‘tardi.
   —   Bezovta qilganim uchun uzr, biz siz bilan tanish emasmiz. Mening familiyam Shostakovich... Yevgeniy Aleksandrovich uydami?
   —   Uyda. Ishlayapti. Hozir men uni chaqiraman.
   —   Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, kerak emas! Ijodiy ishiga halaqit bermaylik. Men unga boshqa bir bo‘shroq paytida qo‘ngiroq qilaman, — deb Shostakovich xayrlashayotgan paytda trubkani qulog‘imga tutib turgan edim.
   U mening bitta she’rimga musiqa bastalamoqchi bo‘lib, shunga ruxsat so‘ramoqchi ekan. Telefonning o‘sha qo‘ng‘irogi umrbod yodimda qoldi. Muloyim, hayajonli tovush hali-hali quloqlarim ostida jaranglaydi».
   Mana shu mo‘‘jaz voqea ham buyuk musiqachi naqadar ulug‘ inson va bag‘oyat kamtarin bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
   Hozir ikki-uchta she’r yozib qo‘ygan ayrim yoshlar surbetlik qilib eshikdan kirib kelaveradilar. Ravshanki, ishlayotgan yoki dam olayotgan bo‘lsang ham ularga baribir. Har qanday qilib bo‘lsa-da mashhur shoirning o‘z she’rlari to‘g‘risidagi fikrini yoki bo‘lajak kitobga yoziladigan «oq yo‘l»ni olmoqchi bo‘ladilar. Ba’zan tantiq yoshlarni uchratib qolsam, doim Shostakovichning yorqin siymosini, xijolatomuz jilmayishlarini eslayman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:23:30
   Aytmatov. Bir safar Shostakovich meni Gorkiy ko‘chasidagi kvartirasiga mehmonga taklif etdi. Borsam, taniqli bastakor Qora Qoraev ham o‘sha yerda ekan. Keng zalning urtasida to‘rtta musiqachi D. Shostakovichning «O’n to‘rtinchi kvartet» asarini ijro etib o‘tirishardi. Odatda, xotirjam, yuzidan nur yog‘ilib turadigan muloyim zot bu gal qat’iyatli, diqqatini bir joyga jamlagan alfozda edi. U mening yonimga o‘tirdi. Miq etmasdi. Vaqti-vaqti bilan boshini silkitib qo‘yardi.
   Qoraev esa, aksincha, to‘lqinlanib ketganidan ko‘zlari chaqnardi, musiqa maromiga mos ravishda chayqalar, huzur qilar edi. «Bu musiqa nima to‘g‘risida?» deb so‘radim. «Aniq tushuntirib bo‘lmaydi, uni his etish lozim», deb lo‘nda javob qaytardi Shostakovich. Sozandalar musiqani tamomlashgach: «Bu nihoyatda buyuk asar! G’aroyib, bitmas-tuganmas tuyg‘ular manbai!» deb xitob qildi Qoraev. U chin yurakdan Dmitriy Dmitrievichni muvaffaqiyat bilan qutladi. O’zini qurshab olgan his-hayajondan lov etib yonib ketsa kerak deb o‘yladim. Bastakor qutlovlarga javoban tavoze bilan bosh egib qo‘ydiyu musiqachilar yoniga borib, qat’iy ohangda tanbeh bera boshladi:
   — Kerakli darajada ijro etilmadi, — dedi u. — Ko‘p o‘rinlarda yuzaki va unchalik o‘ylamasdan chalindi!
   Noqulay vaziyat ro‘y berganini sezgan Qoraev musiqachilarga yaqinlashib, qattiq botmaydigan iboralar bilan ularning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qildi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:25:20
   Nihoyat, biz yana o‘z joyimizga o‘tirib kvartetning davomini eshita boshladik. Shostakovichni kuzatib o‘tirib, kundalik hayotda xushmuomala, tortinchoq bo‘lgan inson ijod damlarida naqadar talabchan, hatto shafqatsiz ekanini kashf etdim.
   Ulug‘ inson o‘z atrofidagi odamlarda ham ulug‘vor xususiyatlarni ochib yubormoqchi bo‘lardi.
   O’sha yilning bahor faslida bastakorning xotini Irina Antonovna bizning uyimizga qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U Dmitriy Dmitrievichning kasali zo‘rayib ketganini aytib, bemorga «Issiqko‘l tomiri» deb nomlanadigan giyoh topib berishimni iltimos qildi. Bu giyoh Qirg‘iziston tog‘larida o‘sardi. Men darhol Talas vodiysida yashaydigan do‘stlarimdan, qarindoshlarimdan toqqa chiqib, shifobaxsh o‘simlikni topib berishlarini so‘radim. Bir hafta o‘tar-o‘tmas giyoh tomirini keltirib berishdi. Shu kuniyoq tomirni Moskvaga jo‘natdim.
   Oradan ancha vaqt o‘tgach, biz Shostakovich bilan uning chorbog‘ida uchrashdik. Oqshom maroqli o‘tdi. Chorbog‘da ikki qavatli uy bo‘lib, yuqoriga g‘alati konstruktsiya asosida qurilgan liftda chiqilardi. Mehmondorchilikka kichik o‘g‘lim Asqarni ham olib borgandim. Shostakovich yosh bolani xursand qilish uchun uni lift ichiga olib kirdi va qanday foydalanish lozimligini ko‘rsatdi; birgalikda bir necha marta yuqoriga ko‘tarilib, pastga tushdilar. Haqiqatan ham, oqshom maroqli o‘tdi: goh-goh uydan yosh bolaning qiyqirib kulgani eshitilib qolar, kattalar esa o‘zaro qizg‘in suhbatlashar, hazil-mutoiba qilishar edi. Afsuski, o‘sha buyuk bastakor bilan eng oxirgi uchrashuvim ekan. Aslini olganda, vidolashuv kechamiz o‘shanda bo‘lgan ekan. Lekin, shunday bo‘lishini kim xayoliga keltiribdi?!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 09 Mart 2009, 18:26:10
   Hayotda ham, ijodda ham ajoyib uyg‘unlikka erishgan Dmitriy Shostakovich turli davrlarda menga ikkita xat yozgan. Bu xatlarni noyob yodgorlik sifatida arxivimda saqlayapman. Dastlabki maktubini bastakor «Alvido, Gulsari» qissamni o‘qigandan so‘ng yozgan. Ikkinchi maktubini u Qo‘rg‘on viloyatidagi Ilizarov kasalxonasida davolanayotgan paytda yo‘llagan bo‘lib, boshqa asarim — «Oq kema» qissam haqida zavqlanib fikr bildirgan. Bu uning oxirgi xati edi.
   Ko‘pincha har xil xayollar girdobida o‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qolaman. O’shanday g‘amgin damlar qulog‘imga Shostakovich asarlaridan birining tovushi chalinsa — bas, darhol yuragimdan iliq to‘lqin tarala boshlaydi.
   Shostakovich olamining asosiy xususiyatlari shundan iboratki, u hayotga qizg‘in tashna edi, qalbi nihoyatda toza edi. U rus xalqining eng munosib farzandlaridan biri bo‘lib, cheksiz ma’naviy boylik sohibi, favqulodda xayrixoh, begona va yaqin kishilarga doim yordam qo‘lini uzatadigan, nazokatli, insonparvar, zilol suvdek pokiza zot edi.
   Bu odam shu qadar oddiy edi!
   Shoxonov. Nazarimda, haqiqiy ijod mahsuli barcha millat vakillariga tushunarli bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:11:55
   Aytmatov. Sen ko‘pincha ayrim kishilarning do‘stligidan xalq birligi vujudga keladi, deysan. Shu ma’noda yaqin o‘tmishdagi adabiyotimiz namoyandalarining ajoyib munosabatlarini eslab o‘tish joiz. Ular bir-birlarini darrov sog‘inardilar, uchrashuv uchun imkon qidirardilar va quvonishib diydor ko‘rishardi. Beixtiyor ularning munosabatiga havas qilasan kishi. Qotmadan kelgan, baland bo‘yli, qoracha G’afur G’ulom; kamgap, boshqa odamning ruhiy holatini sezgirlik bidan ilg‘ab oladigan Oybek; doim kulib turadigan, quchoqlarini keng ochib ko‘rishadigan Sobit Muqonov...
   Albatta, murakkab, qarama-qarshiliklarga to‘la bir zamonda yashagan bunday zotlarning har biri o‘ziga xos muvaffaqiyatga erishgan, kamchiliklardan xoli bo‘lmagan. Ehtimol, muayyan shart-sharoitlarga, odamlarga tobe bo‘lgandirlar... Biroq, o‘z millatlarining ma’naviy olamini boyitishga munosib ulush qo‘shgan bu zotlarning nomlari unutilsa yoki o‘chirib tashlansa, tariximiz ustidan zo‘rlik qilingan, kechirilmas zarar yetkazilgan bo‘ladi. Ular o‘rtasida qaror topgan do‘stlik avlodlari tomonidan davom ettirildi.
   Ko‘p yillar muqaddam Moskvada — Yozuvchilar uyushmasida G’afur G’ulomni uchratib qoldim.
   — Chingiz, inim, zilzila bizga qanchalik musibat keltirganini bilsang edi! — deb uyalmasdan yig‘lab yubordi.
   O’sha yili tabiiy ofat tufayli ko‘pgina insonlarning yostig‘i quridi, Toshkent vayron bo‘ldi, butun xalq boshiga katta musibat tushdi. Har doim katta odamning boshiga katta musibat yog‘iladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:12:53
   Shoxonov. Bunday zotlarning har bir uchrashuvi bayram bo‘lib ketadi, ular o‘rtasidagi do‘stlik afsonaga aylanadi. Taniqli o‘zbek adibi Nosir Fozilov qachonlardir Sobit Muqonov to‘g‘risidagi xotiralarini «Mehribonlik» nomi bilan atagandi. O’sha xotiralarda qiziq bir voqea eslatib o‘tiladi.
   Toshkentdan Sobit Muqonovning uyiga mehmon bo‘lib kelgan Oybek do‘stini mashinaga o‘tqazib, ko‘m-ko‘k o‘tloq, bog‘-rog‘ qoplagan Olatov etaklariga olib ketadi. Tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘ladilar. Sip-silliq qizil qoyalar yonidan o‘tayotib, mashinaga tormoz beradi. Xarsang toshlardan birini aylanib tomosha qiladi. Tabiatning o‘zi obi-tobida sayqal bergan toshdan ko‘zlarini uzolmasdan bosh chayqadi-da: «Go‘zal! Mo‘‘jiza!»  deydi.   Sobit  esa  sir  boy  bermasdan Oybekning yoniga yaqinlashadiyu unga sinchikov razm solib:
—Xo‘sh, yoqib qoldimi? — deb so‘raydi.
—Bo‘lmasam-chi! — deb to‘lqinlanib javob beradi.
   —   Unday bo‘lsa, buni men senga sovg‘a qilaman. Faqat o‘z nomimdan emas, butun qozoq xalqi nomidan sovg‘a qilaman. An’anamiz bo‘yicha arg‘umoqqa ega bo‘ldim deyaver.
   Shunday qilib, Medeo chegarasida yotgan xarsang tosh mehmonga yoqib qoladi: Sobit uni sovg‘a qiladi, Oybek qabul qilib oladi. Tez orada Oybek Toshkentga qaytib ketadi. Sobit esa keyin o‘sha xarsang yoniga bitta toshtaroshni yollab boradi. Xarsang toshga hech uchmaydigan so‘zlar o‘yib yoziladi:
   «Bu silliq toshni men Muso Oybekka sovg‘a qildim. Sobit Muqonuli. 1962 y. Z.VI».
   O’sha kuni Sobit o‘z hayotida bag‘oyat mas’uliyatli vazifani ado etgan kishidek kayfiyati ko‘tarinki holatda quvnoq qo‘shiq aytib uyiga qaytadi.
   —   Men o‘z hayotimda juda ko‘p saxiy odatlarni ko‘rganman. Lekin, tog‘da yotgan chaqirtoshni sovg‘a qiladigan Sobitga o‘xshash odamni aslo uchratmaganman, — deb tez-tez eslab yuradi Oybek.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:13:51
   Aytmatov. Hazil-mutoiba bilan be-arazlik yo‘ldosh bo‘lsa, dunyoda bundan yaxshisi yo‘q.
   Shoxonov. Chike, adabiyot va san’at sohasidagi mashhur, ajoyib odamlar to‘g‘risida ko‘p gapirdik. Keling, endi pahlavon sifatida nom chiqargan odamlar to‘-risida gaplashamiz.
   Aytmatov. Ustiga ustak, qirg‘izlar bilan qozoqlar orasidan yelkasi yerga tegmagan polvonlar ozmuncha yetishib chiqqanmi!
   Shoxonov. Balki, xalqaro maydonlarda qirq bora g‘oliblik medaliga sazovor bo‘lgan Hojimuqon Munaytpasov to‘g‘risida eshitgandirsiz?
   Aytmatov. Eshitmay bo‘ladimi... Axir, u Ivan Poddubniyning shogirdi, dunyoga dong taratgan polvon-ku!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:14:38
   Shoxonov. Qiziq, bugungi kunlarni hisobga olmaganda, keyingi bir yarim asr mobaynida qozoqlar oilasida necha million o‘g‘lon dunyoga keldi ekan? Gap shundaki, ular orasidan shu paytgacha jismoniy kuch jihatidan Hojimuqondan o‘tadigani chiqmadi! Yashirmayman, Hojimuqon tug‘ilgan sahroning farzandi bo‘lganim uchunmi yoki bolaligimdan beri u haqdagi ertakdek hikoyalarni ko‘p eshitganim uchunmi, ishqilib, hozirgi polvonlarning kurashi unchalik qiziq tuyulmaydi. Boz ustiga, yengil vaznli, pakana polvonlarning kurashi menga o‘zbek do‘stlarimiz tez-tez uyushtirib turishni yaxshi ko‘radigan bedana urishtirishni eslatadi.
   Unutilmas Hojimuqon — favqulodda hodisa. Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi polvon tug‘ilgan Temurobod qishlo-ida Hojimuqonning uy-muzeyi bor. O’sha yerda bitta fotosurat turibdi: yigirma kishi o‘tirgan aravaga arqon bog‘langan, Hojimuqon esa arqonni tishlab, aravani tortib borayotir. Arava nima bo‘pti! U yurib ketayotgan traktorning orqasidan ko‘tarib, to‘xtatib qo‘yishi yoki chalqancha yotgancha ustidan mashinani o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bunday voqealar polvon hayotida ko‘p bo‘lgan.
   Aytmatov. Bir kitobda o‘qiganim bor: agar o‘zaro kurash bo‘lganda, Hojimuqon hatto Poddubniy ustidan ham -alaba qozonishi mumkin ekan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:15:13
   Shoxonov. Hojimuqonning pasportida tug‘ilgan joyi deb Oqmula viloyati ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, lekin uning asl vatani O’tror tumanidagi Oqtepa ovuli hisoblanadi. Bu to‘g‘ridagi ma’lumotlarni mahalliy oqsoqollardan janubdagi taniqli tarixchi va bastakor Muhammadjon Rustamov yozib olgan:
   «Hojimuqon tug‘ilishi bilan uning otasi qarindoshlari bilan janjallashib qoladiyu ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib ovuldan ko‘chib ketadi. Munaytpasning o‘jarligini, murosasizligini bilgan qariyalar otlarga minishib, uning ortidan quvlab yetadilar. Suzoqda ko‘chmanchilarga yetib oladilar. Qariyalar Munaytpasga qarab:
   —   Orqaga qayt! Qarindoshlaringdan uzilib ketma! Ota-onangni tashlab ketma! — deb qichqirishadi.
   —   Xafagarchilikni esingdan chiqar! Kek saqlama!
   Shunda Munaytpas taqqa to‘xtab, qariyalarga yuzlandi-da, oyoqchalaridan ushlangan kichkintoy Hojimuqonni boshi uzra azod ko‘tarib:
   —   Orqamizdan ergashmanglar! Agar yaqin kelsalaring, mana shu go‘daqdan qamchi o‘rnida foydalanaman! — deb baqiradi.
   Munaytpasning qarori qat’iy ekani ko‘rinib turardi. Oqsoqollar afsuslanib bosh chayqaydilar va o‘jar inson bilan:
   —   Nachora, senga oq yo‘l tilaymiz... Qaerda bo‘lsang ham Olloh o‘z panohida asrasin! — deb xayr-xo‘shlashadilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:16:11
   Munaytpas olis yo‘lini tanlaydi. Oqmula tuprog‘iga yetib boradi va oxir oqibat o‘sha yerda o‘rnashib qoladi. Hojimuqonning Oqmulada tu-ilgani to‘g‘risidagi noto‘g‘ri hujjat xuddi shunday yo‘sinda paydo bo‘ladi».
   Hojimuqon ajoyib taqdir sohibi edi. Tabiatan ko‘ngli ochiq, ta’sirchan bo‘lgan polvon adabiyotni, san’atni sevardi. O’z davrida Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Iso Boyzoqov kabi mashhur yozuvchilar bilan yaqindan aloqa bog‘laydi. Aytishlaricha, o‘zi ham gapga chechan, usta roviy bo‘lgan, she’rlar yozgan ekan. Bu g‘aroyib insonga bag‘ishlab men «Hojimuqon xotirasi» nomli she’r yozganman. O’sha she’rimdan bir parchani o‘qib bermoqchiman.

   Hojimuqon,
   yuz oltmish og‘irlikda,
   bir o‘tirishda bitta qo‘yga to‘ymagan,
   elkasi yer ko‘rmagan qozoq polvoni.
   Shu kelbatu jasadi bilan
   ko‘ngli nozik edi Hojimuqonning.
   Sevar edi she’ru qo‘shiqni,
   gohida o‘zi ham g‘azal to‘qib qo‘yardi...
   G’oliblik saruposin
   kiyib qaytgach,
   ziyofat berishdi ovuldoshlari
   uning sharaf-shoniga.
   Maqtovlar hattoki,
   tegdi joniga.
—Siz nainki qozoqda
   eng katta polvon,
   endi tan oladi jumlai jahon!
—To‘xtang, — dedi shunda Hojimuqon, —
   To‘xtang
   Kurashda rostdan ham ilohiylik bor,
   vujudni qamraydi telba bir qudrat.
   Jismoniy kuch qachon bo‘lar beg‘ubor?
   Qachonki to‘q bo‘lsa magiz va jur’at.
   Bizda bordir mendan-da kuchli,
   mendan-da qudratli zotlar!
   Mana, qaranglar, —
   deya mushtday bolani
   davraga oldi.
   Jimlik cho‘kdi davraga uzoq...
   O’sha bola edi, do‘stlar,   
   Muxtor Avezov.
   Hojimuqon bashorati rost chiqdi:
   o‘ttiz olti kuz-qish o‘tib oradan
   taniqli bir yapon polvoni
   o‘qib chiqib, o‘sha o‘smir kitobin
   kundalik daftariga yozdi daf’atan —
   «Qanday qudrat!
   O’qidimu satrma-satr
   kuchsizligim sezdim o‘zimni!»
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:16:46
   Aytmatov. O’zing Hojimuqon bilan uchrashganmisan?
   Shoxonov. Yoshi bir joyga borib qolgan bo‘lsa-da, Ulug‘ Vatan urushi yillarida polvon ko‘plab ovullar bo‘ylab safar qiladi, jamoatchilik bilan uchrashadi. Uchrashuvlarda to‘plangan pullarni zavodga topshiradi. O’zining nomida samolyot tayyorlatib, frontga jo‘natadi. O’z vaqtida Stalin unga maxsus telegramma yo‘llaydi: olijanob xatti-harakatlari uchun minnatdorlik bildiradi.
   Besh yasharlik paytimda Hojimuqon bizning kolxozimizga kelib, o‘zining hunarini namoyish qiladi. Ertadan kechgacha qaddini ko‘tarmay mehnat qiladigan odamlar o‘zlarining ko‘zlariga ishonmay qoladilar: mashhur polvon namoyish etayotgan mo‘‘jizalarni maroq bilan tomosha qiladilar. Biz u paytlari hozirgi Tolibiy tumanidagi Qashqasuv ovulida yashardik. Otam bilan Hojimuqon bitta urug‘dan bo‘lgani uchunmi ular qarindosh sifatida bir-biriga intilardilar. Balki, ruhiy yaqinlik ularni birlashtirgan bo‘lsa-da ajab emas. Xullas, tomoshadan so‘ng Hojimuqon ovul bolalarini gala-gala qilib orqasidan ergashtirgancha bizning uyimizga keladi. Otam aziz mehmon sharafiga bittayu bitta echkimizni so‘yib, qon chiqaradi. Qo‘ni-qushnilarimiz, do‘st-yorlarimiz chaqirilib, kichkina to‘y uyushtiriladi. Uyimizning butun to‘rini tog‘day bo‘lib yonboshlab yotgan polvon egallaydi. Qo‘ltig‘ida qo‘sha-qo‘sha yostiq, shoshilmasdan choy ichadi. Yuzlaridan tinimsiz ter oqardi, dasturxonday keladigan dastro‘moli bilan o‘zi terlarini artardi.
   Rahmatli onam aytib yuradigan hikoyalarga qaraganda, men xuddi ohanraboga o‘xshab palaxmon-polvonga yopishib olgan ekanman: uning ustiga minib, mushakdor yelkasigacha o‘rmalab borib, so‘ng beqiyos qorniga emaklab tushaman, keyin tizzalariga sakrab o‘taman, xullas, qir-adirda o‘ynab yurgan echki misoli rosa mazza qilaman. Hojimuqon esa kulumsiragancha choy ichish bilan ovora bo‘ladi; menga xuddi yelkasida chivin o‘rmalab yurganday e’tibor beradi, xolos.
   Chike, aytishlaricha, Hojimuqon bir marta qirg‘izlarning polvoni Xo‘jamqul bilan ham uchrashgan ekan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:17:56
   Aytmatov. To‘g‘ri. Yoshlikdan kambag‘alchilikda o‘sgan Xo‘jamqul voyaga yetgach, juda usta polvon bo‘lib ketadi. Guvohlarning aytishicha, uning bo‘yi shu qadar baland ekanki, tuyada o‘tirgan kishining yelkasi bilan barobar bo‘lar ekan. Qilichday qayrilma qoshlari, o‘rdakburni har qanday odamning yuragiga g‘ulg‘ula solarkan. Asr boshlarida Pishpekda har yili katta tomosha bo‘lardi. Tomosha oxirida polvonlar kurash tushardilar, chavandozlar poyga chopishardi. Xitoyliklar bellashuvga o‘zlarining «buqa» polvonlarini olib kelishadi. Qadim zamonlardan beri polvonning jangovar qobiliyatini oshirish uchun unga tashqi ko‘rinishiga mos ravishda laqab beriladi: masalan, «tuya», «buqa», «qo‘chqor» kabi. Qisqasi, «buqa»ni to‘rt oyoqlatib, ustiga jul yopadilar, bo‘yniga no‘xta soladilar va kurash maydonining o‘rtasiga olib chiqadilar. «Buqa» oyoq-qo‘llarini siltab, palaxsa-palaxsa yerni yumdalab atrofiga otib turadi, dahshatli tovushda bo‘kiradi. Oldindan berilgan bunday ruhiy zarbalarga dosh berolmagan ba’zi bir qirg‘iz polvonlari dir-dir titraydilar-da obro‘ylarining borida juftakni rostlab qoladilar. Ilgari bunaqa ajoyibotni ko‘rmagan odamlar ham esankirab, nima qilishlarini bilmay qoladilar. Xorijdan kelgan qandaydir polvonga bosh sovrin berib yuborilsa, el-yurt isnodga uchrardi. Navbati bilan aymoq nomlarini qichqirishib, zo‘rman deganini o‘rtaga chorlay boshlaydilar.
   Shu payt o‘rtaga qoyaday bir zot chiqib keladi. Bu Xo‘jamqul edi. Xitoydan kelgan «buqa» shu zahoti ustidan julni uloqtirib tashlaydi, no‘xtani ham otib yuboradi va bo‘kirgancha kurashga otiladi. Xitoylik polvon chapdastlik qilib, hiyla-nayrang — usul ishlatishga harakat qilsa-da, ammo oradan birmuncha fursat o‘tgach, qudratli va sobit Xo‘jamqul «xap!» deydiyu «buqa»ni boshi uzra azod ko‘taradi. Nafasini ichiga yutgan holda musobaqani tomosha qilishib o‘tirgan qirg‘izlar hayratdan dong qotib qoladilar. So‘ng: «Voh, arvoh!» deb qichqirishgancha yengil tin oladilar. Tomoshabinlar tomonidan ruhlantirib yuborilgan Xo‘jamqul raqibini havoda aylantirib-aylantirib, yerga uloqtiradi...
   Aynan o‘sha olishuvdan keyin polvon xalq o‘rtasida shuhrat qozonadi va umrining oxirigacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay o‘tadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 12:18:47
   Hojimuqon bilan Xo‘jamqulning uchrashuvi to‘g‘risida qariyalar bunday hikoya qiladilar. U paytlari Hojimuqon tsirkda qatnashib yurar, nihoyatda mashhur edi. Gastrol safari chog‘ida u tasodifan Pishpekdagi mol bozoriga kirib qoladi. Har tomondan kelgan olomon polvonni tanib, atrofini qurshab oladi. Polvonni o‘rtaga olishib, bilq-bilq o‘ynab turgan mushaklarini qiziqib tomosha qiladilar. Darhol yaqin joyga o‘tov tikadilar, ot so‘yadilar, qimiz topib keltiradilar.
   Xaloyiq polvonning hikoyalarini og‘zi ochilgan holda tinglaydi: Afrikada qop-qora habash polvonini qanday qilib chirpirak etib yerga urganini, yapon polvoni Sar-Ki-Ki netib mag‘lub bo‘lganini Hojimuqon batafsil so‘ylab beradi. Qizishib qolgan xalq Hojimuqon bilan Xo‘jamqulni o‘zaro kurashga tushirib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Ko‘p o‘ylab o‘tirishmasdan g‘olibga sovrin tayinlaydilar: odat bo‘yicha uch bo‘lakdan iborat sovrin e’lon qilinadi. Har bir bo‘lakda to‘qqiztadan sovrin bo‘ladi. Xo‘jamqulni chaqirib kelish uchun ovulga bitta chavandozni jo‘natadilar. U tezda yetib keladi va yoshi ulug‘ bo‘lgani uchun Hojimuqon qoshiga borib ta’zim bajo keltiradi.
   Misli ko‘rilmagan olishuv boshlanayotgani to‘g‘risidagi xabar yashin tezligida to‘rt tarafga yoyiladi. To‘plangan xaloyiq ikkiga bo‘linadi. Hamma olishuv boshlanishini sabrsizlik bilan kutadi.
—Hoji aka, biz ikki qardosh xalqning farzandimiz. Bir yuzdagi ikki ko‘z kabi yaqinmiz, bizni bir-birimizdan ajratib bo‘lmaydi. Siz mening og‘amsiz, men sizga ini bo‘laman. Birimiz g‘olib kelib maqtanib yursak, boshqamiz mag‘lub bo‘lib tuproqqa belanib yotsak yarashmaydi. Boz ustiga, siz bizning aziz mehmonimiz bo‘lasiz. Agar men siz bilan bellashadigan bo‘lsam, ota-bobolarimizning ruhi hech qachon kechirmaydi. Yaxshisi, sovrin sizga bo‘lsin! — deb Xo‘jamqul olishmasdan sovrinni in’om etib yuboradi.
—O’zim ham seni nima qilishingni kutib turgandim. Endi bildim, bu dunyoda ko‘p narsani ko‘ribsan, ko‘p narsani tushunib yetibsan. Qirg‘iz xalqi senday farzandi borligi bilan har qancha faxrlansa arziydi. Iloyim, baxtingni topgin! — Hojimuqon qirg‘iz inisini bag‘riga bosib, peshonasidan o‘padi.
   So‘ng Hojimuqon o‘zining sovrinini shu yerdayoq kambag‘allarga, g‘ariblarga, yetim-yesirlarga taqsimlab beradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:48:25
   Shoxonov. Sizningcha, Hojimuqon bilan Xo‘jamqulni hozirgi dunyoga dong taratgan sport yulduzlariga tenglashtirish mumkinmi? Axir, bizning polvonlar faqat qudratli darajada jismoniy kuchga ega bo‘lib qolmasdan, ayni chog‘da cheksiz ruhiy, ma’naviy boylikka ham ega edilar...
   Aytmatov. Hozir «yulduzlar» ko‘payib ketdi. Bularni ustasifarang ishbilarmonlar vujudga keltirishyapti. Ayrim «yulduzlar» sport maydonida yoki estrada shohsupasida bir marta ko‘rinish berib, millionlab dollar haq olishadi. Balki, hozirgi davrimizning odati shundaydir. Biroq, o‘zlarini dunyoning ustuni yoki superyulduz deb biladigan ba’zi bir nomdor sportchilar bilan gaplashib ko‘rsang, ularning ma’naviy dunyosi naqadar qashshoq ekanidan hayron qolasan... Qachondir inson qalbining ma’naviy boyligi, ma’rifat, madaniyat ham o‘z qadrini toparmikan?
   Shoxonov. Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon shu muammo dolzarb bo‘lib turibdi. Chike, Muxtor Avezov to‘g‘risida suhbatlashgan paytimizda Issiqko‘ldan yetishib chiqqan polvon Bo‘ltirik nomini eslagan edik...
   Aytmatov. Avezovning dafn marosimida men ilk bora Bo‘ltirik bilan uchrashgan edim. Buyi pastak, baquvvat, kelishgan, ko‘zlari chaqnab turadigan kishi edi. Nima uchun uni «Abayning o‘g‘li» deb atashlarini hozir ham bilmayman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:50:10
   Shoxonov. 1916 yilning iyun oyida uni mardikorlikka olib ketishadi. Polvon Rossiyaning har xil azoblarini boshidan kechirib, nihoyat, taqdir taqozosi bilan Semipalatinsk tuprog‘iga kelib qoladi. Polvonning shon-shuhrati to‘g‘risida ilgari ham eshitgan Abayning avlodlari uni izlab topishadi.
   — Tinch-totuv zamon boshlansa, o‘z yurting Issiqko‘lga qaytib ketishing mumkin. Hozircha esa Jidaboyda xuddi o‘z uyingdagidek yashayver, — deb aytishadi ular Bo‘ltirikka.
   Uni aymoqlari huzuriga boshlab borishadi. O’tov tiklab, mol-hol berishadi. Qardosh xalq panohidan boshpana, izzat-hurmat topgan polvon tez orada Abay yurtining farzandlaridan biri bo‘lib qoladi. O’sha yerda Fotima ismli qizga uylanadi, oila quradi. U paytlari Muxtor Avezov Leningradda aspiranturada o‘qirdi; o‘z yurtiga navbatdagi ta’tilga kelgan chog‘i Bo‘ltirik bilan yaqindan tanishadi. Aytishlaricha, Avezov aynan Bo‘ltirikka «Abayning o‘g‘li» degan nom bergan ekan. Asta-sekin ular qalin do‘st bo‘lib qoladilar. Bo‘ltirik oilasi bilan Issiqko‘lga ko‘chib ketgandan keyin ham do‘stona aloqalari saqlanib turadi. Ma’lumki, vaqti-soati yetgach, Avezov Issiqko‘l to‘g‘risida roman yozmoqchi bo‘lib yurardi: Sayoqboy, Bo‘ltirik kabi insonlarni o‘z asarida qahramon sifatida tasvirlamoqni istardi.
   Aytmatov. Muxtor og‘a bevaqt vafot etgach, men darhol Olmaotaga uchib bordim. Frunzedan Ali To‘qumboev va Suyunboy Eraliev rahbarligida delegatsiya ham dafn marosimida qatnashdi. Marhumning tobutini yelkasida ko‘tarib borgan insonlardan biri — Bo‘ltirik edi. Hozir o‘zi ham narigi dunyoga rihlat qilgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:50:38
   Shoxonov. Chike, dastlab, Sizning asarlaringiz sabab bo‘lib qirg‘iz xalqiga nisbatan menda qiziqish uyg‘ongan edi. Ikkinchi sabab sifatida Jo‘lon Mamitovning, shubhasiz, kuchli ta’sirini aytib o‘tishim mumkin. Uning sharofati bilan «Manas» o‘g‘liga bo‘lgan hurmatim yanada ortib ketdi.
   Jo‘lon bilan biz Moskvada yosh yozuvchilarning kengashida tanishganmiz. U dargohi keng inson edi. Lekin, yolg‘onchi, munofiq kimsalarni ko‘rsa aslo toqat qilolmasdi. Ajoyib, o‘ziga xos qirg‘iz shoiri bilan biz umrining oxirigacha qalin do‘st bo‘lib qoldik. Bundan keyin Jo‘longa o‘xshagan do‘stni uchratmasam kerak. Bizning har bir uchrashuvimiz bayram bo‘lardi.
   - 1969 yilda Jo‘lon ikkovimiz M. Gorkiy nomidagi adabiyot instituti qoshidagi Oliy Adabiyot kursiga o‘qishga kirmoqchi bo‘ldik. O’sha yillarda Oliy kursda o‘qish uchun har bir respublikaga bittadan o‘rin berilardi. Qirg‘izistonning vakili tarzida Jo‘lon hech qanday to‘siqsiz o‘qishga kirib, Moskvaga joylashib oladi. U ikki-uch kunda menga telefon qilib, tezroq yetib borishimni iltimos qilardi. U paytlari Chimkentda yashardim. Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining kotibiyati esa bir yil avval kaminani o‘qishga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Bamaylixotir ishdan bo‘shadim. Kerakli buyumlarimni olib, Olmaotaga bordim. Endi ko‘pdan beri orzu qilib yurganim Moskvaga uchib ketishim lozim. Shu yerda hech kutilmagan muammolarga duch keldim. Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining o‘sha paytdagi rahbarlaridan biri bu ishga aralashib, mening o‘rnimga yoshgina, ko‘rkamgina shoira qizni yubormoqchi bo‘libdi. Qizning she’riyati ham o‘zi kabi go‘zal edi. Qo‘qqis yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lgan adolatsizlik jahlimni chiqarib yubordi. To‘g‘ri, odat bo‘yicha qiz bolaga yo‘l berish kerak edi. Shunday qilib, bitta o‘ringa ikkita da’vogar chiqib qoldi. Poyga boshlandi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:51:02
   Ikki kishi mening tarafimni oldi. Ulardan biri — qozoq she’riyatining mumtoz vakili Abdulla Tojiboev. U birtalay yosh shoirlarning ustozi hisoblanardi. Ikkinchi tarafdorim — «Jazuvshi» nashriyotining direktori, taniqli yozuvchi Ilyos Yesenberlin. Ular mening nomzodimni himoya qilishib, Moskvaga — SSSR Yozuvchilar uyushmasining rahbariyatiga sim qoqdilar, har xil tavsiyanomalar yozdilar.
   Chamasi, har ikki tarafning kuchi barobar edi. Shu bois bizga kelgusi yilgacha kurashib ko‘rishimiz uchun imkon yaratdilar-da, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi o‘z o‘rnini Mug‘iliston Xalq Respublikasiga in’om etib yubordi. Men do‘stimga qo‘ng‘iroq qilib, hamma gapni aytib berdim. Imkoniyatdan mahrum bo‘lganimni eshitib, Jo‘lon yig‘lab yuborayozdi. U ikkinchi kursni tamomlayotgan paytdagina men ham Moskvaga borishga muvaffaq bo‘ldim. Baxtga qarshi, uni yotoqxonada uchrata olmadim. Xat qoldirdim.
   «Rossiya» mehmonxonasining men yashayotgan xonasi eshigini kechasi kimdir taqillatdi. Eshikni ochsam, ostonada Jo‘lon turibdi. Uning yonida qorachadan kelgan muylovli yigit: Suymenqul Cho‘qmorovni darrov tanidim.
   Jo‘lon bilan quchoq ochib ko‘rishdik. Bir-birimizni bag‘rimizdan bo‘shatmasdan xonaga kirdik. «Cho‘qmorov Qirg‘izistonning timsoli», deb Jo‘lon menga Suymenqulni tanishtirdi.
   Muhtasham mehmonxonaning qo‘shni xonasiga Ilyos Yesenberlin joylashgan edi. Men unga Qirg‘izistondan mehmonlar kelganini xabar qildim. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, u o‘rnidan turib chiqdi. Davramizni to‘ldirib o‘tirdi. O’sha yillari uning tarixiy mavzudagi «Ko‘chmanchilar» trilogiyasi («Tilsimlangan qilich», «Noumid bandalar», «Kenaxon» romanlaridan iborat) respublikamizda xalq hurmatini qozongandi. Yesenberlin o‘rta bo‘yli, kumush sochli kishi edi. Og‘ir-karvonligi bilan nom chiqargan ulkan adib o‘sha kecha o‘zini emin-erkin his etdi; u bizga tarix sirlaridan qiziqarli hikoyalar aytib berdi. Jo‘lon ikkovimiz goh qirg‘iz, goh qozoq tilida o‘z she’rlarimizni o‘qidik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:52:51
   Yosh qirg‘iz rejissyori Bo‘lat Shamshievning «Issiqko‘lning qizg‘aldoqlari» filmida Qorabolta rolini yaqindagina ijro etgan Suymenqul birdan:
—Umrzoq Aytboev degan qozoq olimini taniysanmi? — deb so‘rab qoldi.
—Nega tanimas ekanman! — deb xitob qildim. — Qaddi-qomati kelishgan ko‘rkam inson. Xuddi ilgarigi zamonlardagi hofizlar kabi juda yaxshi ashula aytadi. Men uni inson sifatida ham, o‘z xalqining munosib farzandi sifatida ham nihoyatda hurmat qilaman.
   Mening so‘zlarim Suymenqulni bag‘oyat to‘lqinlantirib yubordi.
   —   Qisqasi, qozoq bastakori va shoiri Birjonning «Temirtosh» qo‘shig‘ini qanday aytishni men o‘sha odamdan o‘rgandim. «Issiqko‘lning qizg‘aldoqlari» filmida do‘mbira chalib o‘tirgan Qorabolta shu qo‘shiqni ijro etadi. Umrzoqning ovozi menikidan ko‘ra musiqaviy, ochiq bo‘lgani tufayli filmda uning ovozi ketadi. Men faqat og‘zimni qimirlatib o‘tiraman, xolos. Filmni suratga olish jarayonida har xil tryuklardan foydalandik, — dedi Suymenqul kulumsirab. Keyin boyagi eslatilgan qo‘shiqni ayta boshladi. Yoqimli tovushi kichik xonamizga sig‘masdan, bepoyon kengliklar bo‘ylab parvoz etishni istardi.
   Gap gapga ulanib, Muxtor Avezovga borib taqaldi. Shunda Suymenqul to‘lqinlanib:
—Bu ulug‘ zotning qirg‘iz xalqi uchun qilgan yaxshiliklarini hech qanday tillo bilan ham o‘lchab bo‘lmaydi, — dedi. — Hozir shunday bir zamonki, Moskvaning ruxsatisiz ovulda hatto tovuqxona qurib bo‘lmaydi. Biroq, vaqti-soati kelgach, qirg‘izlar albatta Muxtor Avezovga haykal o‘rnatishlari kerak!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:53:57
—Shaxsan men allaqachon Avezovga haykal o‘rnatib qo‘yganman! — dedi Jo‘lon.
   —   Qanday qilib?! — deb hayron bo‘ldik.
   —   Abayning suyukli xotini bo‘lmish Oyko‘rimning ismini men o‘z qizchamga qo‘ydim. Uni Muxtor Avezov o‘z asarida ilhom bilan tasvirlaydi.
—Go‘zal! Menimcha, endi katta tost aytadigan payt bo‘ldi, shekilli, — deb Ilyos Yesenberlin o‘rnidan turdi. — Qachonlardir buyuk Abayni asir etib qo‘ygan to‘ng‘ich Oyko‘rimning fazilatlari kelajakda bizning kichkintoy Oyko‘rim qizimizga ham nasib etsin!
—Rahmat, Ilyos og‘a! Siz ham ajoyib insonsiz, qozoq diyorining ulkan farzandisiz. Iloyim, aytgan gaplaringiz ro‘yobga chiqsin! — dedi Jo‘lon hayajonlanib.
   Mana shunday samimiy, ko‘ngilochar suhbatlar bilan ovora bo‘lib tong otganini ham bilmay qolibmiz.
   Aytmatov. Ha, Jo‘lon bilan Suymenqul — biri o‘zining teran she’riyati bilan, ikkinchisi — rassomlik va aktyorlik san’ati bilan qirg‘iz madaniyatining notekis yo‘lida sezilarli iz qoldirdilar.
   Bo‘lat Shamshievning «Qarash dovonidagi otishma» filmida 1968 yili Baxtigul rolida suratga tushayotgan chog‘lari Suymenqul ikki buyragini shamollatib qo‘yadi. Bu film Muxtor Avezovning asari asosida yaratiladi. Betob bo‘lishiga qaramasdan kinochilikdan bo‘sh paytlari yelkasiga asbob-anjomlarini tashlab, tabiat manzaralarini moybo‘yoqqa kuchirish uchun tog‘-toshlarga chiqib ketardi, Issiqko‘l sohillarini kezib yurardi. Bokira tabiat qo‘ynidan ajramasdi, ajoyib, hissiyotga boy rasmlar chizardi. Shuningdek, kino san’ati sohasida ham tinimsiz mehnat qiladi: Doniyor («Jamila»), Aqanqul («Ko‘kserak»), Qorabolta («Issiqko‘lning qizg‘aldoqlari»), Chjan-bao («Dersu Uzala») kabi yorqin, unutilmas obrazlarni yaratadi. Hozir ham ular bizning xotiramizda yashayapti.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:55:34
   Shoxonov. Eshitishimcha, Suymenqulning sog‘ligiga yomon ta’sir o‘tkazgan baxtsiz hodisa ro‘y beradi. Bu voqea A.Vidugrisning filmini suratga olish paytida sodir bo‘ladi. Suymenqul unda Qosim rolini ijro etadi. Qoya bo‘ylab orqasiga chekinib borayotgan Suymenqul pastlikdagi qirrador toshlar ustiga qulab tushadi. Boshqa paytlari shunday hodisa ro‘y berib qolsa, akter hech narsa bo‘lmaganday sapchib o‘rnidan turib ketaverardi. Biroq, bu gal hatto o‘rnidan qimirlay olmaydi. Yiqilgan chog‘ida xasta buyraklari qattiq zaxa yeydi. Do‘stlari Frunzedan vertolyot chaqirishib, Cho‘qmorovni kasalxonaga jo‘natishadi.
   Kasalxonadan chiqqan Suymenqul suratga olish ishlarini qolgan joyidan davom ettirdi. Qattol qoyani yengib o‘tib, o‘z rolini nihoyasiga yetkazadi.
   Aytmatov. Naql qilishlaricha, Olloh ham sabr-toqatli bandalarini yaxshi ko‘rar ekan. Biroq, Cho‘qmorov tortgan azob-uqubatlarni hatto gapirishning o‘zi azob. 1982 yildan boshlab to umrining oxirigacha, keyingi o‘n yil mobaynida u ellik olti marta operatsiya qilindi. Buning uchun qancha matonat, qancha kuch, qancha sabr-toqat kerak!
   Shoxonov. Odamlarning aytishicha, Suymenqul og‘ir kasallikka chalinib, Moskvada bemorxonada yotgan paytlari Siz undan tez-tez xabar olib turar ekansiz.
   Bitta juda zarur apparat olib berilishiga katta yordam berasiz...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:56:06
   Aytmatov. Men hayron qoladigan hech narsa qilganim yo‘q. Yanglishmasam, 1982 yilning bahor faslida rafiqam Mariyam bilan kasalxonada yotgan Suymenqulni borib ko‘rdik. Uning ko‘zlaridan hayotga, ijodga tashnalik yaqqol sezilib turgan bo‘lsa-da, ammo o‘zi xiyla bukchayib, oriqlab qolgan edi.
   —   Dastlab, menga sun’iy buyrak qo‘yishmoqchi bo‘ldilar, — dedi Suymenqul. — Tavakkal qilishga rozi bo‘ldim, lekin vrachlar tavakkal qilishga ko‘nmadilar.
   So‘ng gap orasida, xorijda qandaydir qimmatbaho apparat bor ekan, o‘shani ichimga o‘rnatib qo‘yishsa, yana besh-olti yil yashashim mumkin ekan, deb qoldi. U kimdandir shu gapni eshitibdi.
   —   Buning uchun juda katta pul kerak. Pul topish qiyin. Nima bo‘lganda ham, endi bu yog‘ini taqdirimdan ko‘raman...
   Yuragim sirqirab ketdi. Bu o‘z fojiasiga tik qaray oladigan matonatli insonning so‘zlari edi. Odamni hayron qoldiradigan tomoni shunda ediki, u hamma narsa to‘g‘risida istehzo bilan, hazil aralash gapirardi. Yordam-pordam haqida ishora ham qilmasdi.
   Men ertasi kuni mana shu masala bo‘yicha Markazqo‘mga uchrashdim. «Eski maydon»dan ruxsat olganimdan so‘ng o‘sha paytdagi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining raisi Apas Jumagulovga sim qoqdim. Uning va Qirg‘iziston Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi Turdakun Usubalievning yordami bilan u paytlari bizda nodir hisoblangan shvedlarning buyrakni davolaydigan apparatini sotib olish uchun davlat byujetidan uch million so‘m pul ajratishga erishdik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:56:47
   Shoxonov. Bilishimcha, o‘sha apparat sharofati tufayli nafaqat Suymenqulga, balki buyragi xasta bo‘lgan yana yuzlab bemorlarga ham yordam beriladi.
   Men Suymenqulning og‘asi bo‘lmish oqsoqol Namirbek Cho‘qmorovni ayricha hurmat qilaman. Suymenqul kasalxonada yotgan yillar mobaynida u doim Frunzedan Moskvaga kelardi. Namirbek og‘a haftalab, oylab jon talashib yotgan jigarining yonidan jilmasdi; bemorni parvarish qilardi, ruhini ko‘tarardi. Bunday insonparvarlik har qanday qarindoshning ham qo‘lidan kelavermaydi.
   Keyingi o‘n yil davomida «Fristul» apparati yordami bilan har bir-ikki kunda Suymenqulning qonini tozalab turishardi. Agar bunday kasalga chalingan bemor uch-to‘rt kun o‘sha apparatdan foydalanmasa, bevaqt vafot etishi hech gap emas. Namirbekning aytishicha, Suymenqulning qo‘llari, oyoqlari, bo‘ynilari, boshi — yoppasiga igna bilan ilma-teshik etib yuborilgan edi. Mana shu yillarda o‘tkazilgan 56 operatsiyani ham qo‘shib qo‘ysangiz, beixtiyor yoqangizni ushlaysiz. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, u doim kinolarda suratga tushardi, yangi-yangi rasmlar chizar edi! Qozoq yoki qirg‘iz tuprog‘ida tug‘ilgan bunchalik ijodga tashna insonni shaxsan men hech qachon uchratmaganman.
   Moskvadagi buyrak kasalliklari Markazining bosh vrachi, mashhur professor Aleksey Belousov Suymenqul to‘g‘risida bunday degan edi: «O’z tajribamda minglab bemorlarga duch kelganman. Biroq, bu qadar hayratlanadigan darajada matonatli, ruhan bardam insonni hech qachon ko‘rmaganman. U har bir og‘ir operatsiyaga mayda chivin chaqqanchalik ham e’tibor bermasdi». Axir, bu so‘zlar Cho‘qmorov tabiatan boshqacha bo‘lganiga dalil emasmi? Axir, u bekorga bukilmas, qat’iyatli, jasoratli insonlar timsolini yaratmagan-ku?!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:57:38
   Yana bir voqeaga e’tiborni qaratmoq lozim. Sizga ma’lum bo‘lsa kerak, Suymenqul nihoyatda saxiy, olijanob inson edi. Boya eslatib o‘tganimiz, qonni tozalaydigan apparat Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilmasdi. O’z filmlari bilan To‘lamush Ukeev Gollivud kinofestivalida qatnashadi. Natalya Arinbosarovaning sobiq eri, mashhur rejissyor Andrey Konchalovskiy o‘zining shaxsiy mablag‘iga o‘shanday qimmatbaho apparat xarid qiladi-da, T.Ukeevdan berib yuboradi. U bir paytlar Sizning qissangiz asosida suratga olingan «Jamila» filmida Suymenqul bilan birga qatnashgan edi.
   Suymenqul o‘sha apparatlarni nima qiladi? Ulardan bittasini Belousov rahbarlik qiladigan markazga hadya etadi. Ikkinchisini o‘zi bilan bir palatada yotgan gurji yigitga beradi. Suymenqulning tomirlariga tikib qo‘yilgan uchinchi apparat esa oradan ma’lum vaqt o‘tgach ishdan chiqadi.
   —   Suymenqulning o‘limi u bilan bitta kasalxonada davolanayotgan bemorlarga juda qattiq ta’sir qiladi, — deb eslaydi Namirbek og‘a. — Insoniylik har doim hurmat qozonadi. Bir marta o‘n kunga uyga ketib, yana Moskvaga qaytib bordim. Qarasam, stol bo‘m-bo‘sh, yegulik hech  vaqo qolmabdi. Ma’lum bo‘lishicha, dori-darmon, meva-cheva xarid qilish uchun qoldirilgan hamma pulni Suymenqul o‘zi bilan yonma-yon yotgan oltoylik bir yigitga berib yuboribdi. Yigitning uyga qaytib ketishi uchun puli yo‘q ekan. Odatda, kerakli dorini topolmayotgan yoki boshqa biror muammoga duch kelgan bemorlar yordam so‘rab Suymenqulga murojaat
etishardi. Shundan so‘ng u To‘lamush Ukeev, Bo‘lat Shamshiev va o‘sha paytlari Tashqi ishlar vazirligida ishlayotgan Roza Otinboeva, Stalbek Turg‘unboev kabi yor-do‘stlariyu tanish-bilishlarini har xil iltimoslarga ko‘mib tashlardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:58:39
   Tabiatan mehribon, saxiy bo‘lgani tufayli Suymenqulning dafn marosimiga minglab ta’ziyachilar to‘plandilar. Kasalxonada birga davolangan turli millat vakillari sim-sim yig‘ladilar. Ayniqsa, yigirma olti-yigirma yetti yoshlar chamasidagi qo‘ltiqtayoqqa va onasining yelkasiga suyanib turgan rus yigitining so‘zlari ko‘pchilikning yodida qoldi.
   —   Men allaqachon narigi dunyodagi marhumlar ro‘yxatidan o‘rin olganman. Faqat Suymenqul topib bergan qimmatbaho dori-darmonlar tufayli umrimni uzaytirib yuribman, — dedi u hayajonlanib. — Menga hatto o‘zimning otam ham bunchalik yaxshilik qilgan emas. Endi tez orada men ham bu insonning orqasidan rixlatga ketsam kerak. Biz onam bilan shu kunga atab besh ming so‘mga yaqin pul to‘plab qo‘ygan edik. Hozir qo‘limda o‘sha puldan uch ming so‘mi bor. Agar menga rahmingiz kelib, bu pulni olmasangiz, yuragimga xanjar urgan bo‘lasiz. Mana shu pulni buyuk insonga sajda qilayotganimning belgisi sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. — Yigitning samimiy so‘zlarini eshitishib, to‘planganlar duv-duv kuzyosh to‘kdilar.
   Avezovning asarlari asosida suratga olingan filmlarda Cho‘qmorov yaratgan bosh qahramonlar nozik ma’naviy dunyosi, aql-idroki bilan ajralib turadi. Bular qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasiga o‘rnatilgan o‘lmas yodgorlikdir. Sir emas, o‘shangacha qozoqlarning o‘zlari kino tilida Avezov asarlarining mohiyatini bu qadar yuksak darajada ochib berolmagan edilar. Agar Suymenqul hayot bo‘lganda, shak-shubha yo‘qki, mustaqillik yo‘lini tanlagan Qozog‘iston Respublikasining xalq artisti bo‘lardi. Shunday esa-da, Qozog‘istonning Qirg‘izistondagi elchixonasi tomonidan ta’sis etilgan «Oltin ko‘prik» mukofotining eng birinchisini birodarlashuvga, ikki xalq madaniyatining taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Suymenqul Cho‘qmorovga taqdim etdik. Mukofot marhumning bevasi Salima Shobozovaga topshirildi (u kishi ham olamdan o‘tdilar). Elchixonaning Katta zalida Cho‘qmorov asarlarining ko‘rgazmasi ochildi. Unda Siz ham ishtirok etdingiz. San’atkorga yodgorlik o‘rnatganimizdan so‘ng, u tug‘ilgan ovulda Suymenqul Cho‘qmorovning uy-muzeyi ochilishini so‘rab Respublika Prezidentiga, Hukumatga xat jo‘natdik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 15:59:39
   Aytmatov. Axir, Jo‘lon shoirona til bilan aytgan «Cho‘qmorov Qirg‘izistonning timsoli» degan ibora hozir og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurmayaptimi?
   Hozir Qirg‘izistonning qat’iyatli, qayrag‘ochdek bukilmas o‘g‘loni, deyarli har kuni o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lib, hayot uchun kurashgan bo‘lsa-da, o‘zidan keyin juda katta ma’naviy meros qoldirdi. Undan qolgan o‘chmas xotira tufayli o‘zining ikkinchi hayotini — o‘z asarlaridagi hayotini boshladi...
   Eh, yonimizda qanchadan-qancha yulduzlar so‘nib ketdi...
   Bizning suhbatimizga yakun yasaydigan birorta she’ring bormi?
   Shoxonov. Bor.
   Aytmatov. Sen uni yoddan bilasanmi? O’qi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:00:04
   Shoxonov.
   
   Anduhdan qoraygan, bo‘ybermas, qadim
   og‘riq singib ketgan oddiy xonada     
   jon berar Tolstoy shu onda, shudam.
   Boshiga engashar sho‘rlik xotini
   va shivirlar: «Rozi bo‘l, ayblarim ko‘p!»
   Sukunat.
   O’yladi: «Azizam, yig‘lama,
   yig‘lama, dardlarim senikidan ko‘p.
   Bir oyoq go‘rdadir, bag‘ring tig‘lama.
   Sevgim qaytdi balo bo‘lib boshimga,
   loqaydliging etdi qalbimni g‘ijim,
   tushuna olmading... yashabqoshimda.
   Bilaman, ko‘nglingdan nelar kechadi,
   Tolstoyga xotin bo‘lish azob.
   Undan-da og‘irroq dardga chidadim —
   tushunmaslik bo‘ldi senga bir mazhab.
   Istasang — anglarding, istamading, yo‘q.
   Yarim asr yonma-yon yashadik, ammo
   birimiz suv bo‘lib, ikkinchimiz cho‘g‘.
   Men sendan roziman... endi alvido!»
   Asta yumdi g‘ussa bosgan ko‘zini.
   Tolstoy endi yo‘q. Mangulik daho!
   O’z xotiniyat tushunmadi o‘zingni,
   donolar ichinda, ey, sohibnavo!
   Mehru muruvvatni izlaymiz qaydan?
   Issig‘u sovuqdan xabar olar kim?
   Uch narsani mezon bil, tushunish shartdir:
   insoniy yuksaklik, teranlik, kenglik.
   Qalbdan qalbga tekis so‘qmoq yo‘q, axir!
   Anglamaslik — azob, go‘yo bir jarlik.
   Yuzma-yuz kurashdir — yo‘l topmoq qalbga,
   qanchalik tik bo‘lsa, baxtga eltadi.
   Nahot, tushunmaslik bandaning aybi?
   Kim istamas tushunmoqni, yitadi!
   Manzilga yetmagan qancha yo‘llar bor,
   Loyqadan ko‘milgan buloqlar qancha ?!
   Tushunmaslik — sotqin va xunxor,
   zimiston qo‘ynida boshlarni yanchar.
   Jordano gulxanin yoqqan ham sensan,
   Galileyni tiriklayin yutgan ham o‘zing.
   Birjonni arqon-la yiqqan ham sensan,
   sen o‘chirding Ulug‘bekning yulduzin.
   Dunyoda tavqi la’natga botding,
   senga hayf shirin so‘z, kechirim, shafqat,
   Abayga qulochlab shapaloq tortding,
   Avezovga yetdi, nihoyat, navbat,
   hasadgo‘y ko‘zlaring tikib suqlanding,
   quloqqa chalindi g‘arib mish-mishlar:
   «Roman degan bunday bo‘lmaydi,
   o‘qib ko‘ngul to‘lmaydi».
   Avezov mish-mishlardan shunchaki kuldi:
   BAHONI XALQ BERAR VA XALQ UNUTMAYDI!
   Shunday bo‘lganmi? Bo‘lgan.
   Demak, hisob-kitob tugamas hali.
   
   Qarab turib tanimaysan. So‘qirmisan, ayt!
   Tushunmaslik ayb emas deb, kimlar aytadi?
   Tushunishni istamaslik, bu ham jinoyat!
   Tushunmaslik — begim kunlarining rutubatidir,
   Ufqni yopib turar, kunduz kuyoshni.
   Shahdam qadam tashlab yosh avlod boradir,
   Hali tirik bo‘lsak, tushunaylik mana shu yoshni!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:01:24
   Aytmatov. Endi esladim, men bu she’ringni oldingi kitoblaringdan birida o‘qigan ekanman. Bu oqilona, teran qo‘shiq.
   Bulut o‘rab-chirmab olgan qoyaning cho‘qqisi kabi biz yuqorida eslab o‘tgan zotlarning har biri o‘z hayoti chorrahalarida tushunmovchilik oqibatida ezilganlar. Sen she’rda shu narsani to‘g‘ri ifodalagansan. Azal-azaldan buyon davom etib kelayotgan jon va jasad kurashida o‘zlarining qudratli iqtidori va bukilmas irodasi tufayli mudom g‘olib bo‘lgan bu insonlar ham dorilbaqoga yuz tutdilar. Kimdir erta ketdi, kimdir kech. Avlodlarga so‘nmas yodgorlik — boy ma’naviy meros qoldirdilar. Ularning xotirasini yod etsang, ko‘ngul quvonchga to‘lib-toshadi, olam charog‘on bo‘ladi, dillar yayraydi! Ishonchim komilki, boshqalarning ulug‘ fazilatlarini, xatti-harakatlarini tan olish bilan ham dunyoviy saltanat taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shish mumkin.
   Birinchidan, ularni bilishimiz va eslab yurishimiz o‘zimiz uchun kerak. Ikkinchidan, aziz mozorlariga bir siqim tuproq tashlaganimiz bobolarimizning o‘lmas ruhi va qudrati oldidagi bizning farzandlik burchimiz ham shuni taqozo etadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:02:50
   ASRLAR SOYASIDAGI JINOYAT
   YOKI
   MARKIZ DE SAD, DUNANBOY VA AFRIKA
   IKKI TISHLI BALIG’INING ZAHRI

   ...Zamindan mahrum qilish mumkin, boylikdan mahrum qilish mumkin, hayotdan ham mahrum qilish mumkin. Lekin, inson xotirasiga tajovuz qilish mumkin degan gapni kim o‘ylab topdi?! O’-o‘, Xudoyim, biru borim o‘zingsan, netib odamlar ko‘ngliga bunday baloni solding? Axir, olamda bundan boshqa yovuzliklar ham tiqilib yotibdi-ku?!

   Chingiz Aytmatov

   Bir shaffof ichindami, jazira kunda
   Ucharga o‘tirib qilasan parvoz.
   Zaminga qaraysan bulut qo‘ynidan,
   O, zamin tep-tekis misli oq qog‘oz.
   
   Hilviroq jarligu ho‘-o‘, ilonli g‘or
   Go‘yoki yotibdi sokin uyquda.
   Masofa yashirar shunday sir-asror,
   Masofa ismsiz, hidsiz tuyg‘udir.
   
   Ey, mening peshonam — nedir yozug‘ing,
   Suyanchim o‘zingsan, aytaman chindan:
   Do‘st-dushman qalbiga gar tushsa ko‘zim,
   Qarayin uzoqmas, faqat yaqindan.


   Muxtor Shoxonov
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:03:38
   Shoxonov. Insoniyat tarixi mobaynida tirnoqlab to‘plangan ma’naviy boylik kundan-kunga qadrsizlanib borayotir. Shak-shubha yo‘qki, faqat Siz bilan men bunday fikrda emasmiz. Ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi. Shafqatsizlik va berahmlik ildiz otib borayotir, yaxshilik va mehr-shafqat o‘zining tabiiy bandargohidan kundan-kun uzoqlashib ketayotir. Bu jarayon qachon boshlandi?
   Begona o‘tlar yulib tatshlanmasa, sholi ko‘karmaydi, hosil bermaydi. O’z vaqtida «o‘toq» qilinmasa, inson ongining tilsimlangan.. sirhonalarida saqlanayotgan ibtidoiy instinktlar va sanamga aylantirilayotgan sadizmga moyillik kayfiyatlari bartaraf etilmasa, insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat dahanaki xavf-xatardan rasmona qoidaga aylanib qolsa ajab emas.
   Tujjoriy televideniya ekranlari, kino va video salonlar «daxshatli filmlar»dan bo‘shamay qoldi. Kechasiyu kunduzi ming maqomda yo‘rg‘alaydigan zo‘rovonlik, tahqirlash, qiynoq manzaralari mamnuniyat bilan namoyish qilinadi. Kitob do‘konlari kallakesarlar, jallodlar to‘g‘risidagi yengil-elpi oldi-qochdi asarlarga to‘lib-toshib ketdi. Bularning yuksak badiiylik tamoyillariga hech qanday aloqasi yo‘q. Lekin, suyak surish kasaliga malham bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, «ajal qurollari»ning har xil turlari shahar ko‘chalarida oshkora sotilmoqda.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:09:19
   Aytmatov. Sen aytgan gaplar — achchiq haqiqat. Ayni chog‘da milliy axloq-odob, ko‘nikma, strategik ideallarga mutlaqo yot bo‘lgan va har kuni muvaffaqiyatli ravishda targ‘ib qilinayotgan «bozor ma’rifati», «yangicha turmush tarzi», afsuski, odamlar ongiga singdirilyapti. Shunday kunlarga ham yetib keldik. Yana bundan besh battar bo‘ladi. Bu ham achchiq haqiqat. Masalan, mutaxassislar o‘tkazgan tajribalarda isbotlandiki, hatto qo‘g‘irchoq qurol-yaroqni o‘ynab voyaga yetgan bolakayning ruhiy olami janjalkashlik, jizzakilik, tajovuzkorlik jihatlari bilan yaqqol ajralib turar ekan. O’zimiz bilib-bilmasdan bolalarimizni yoshlik chog‘idan zo‘rovonlikka ishtiyoq ruhida tarbiyalayapmiz.
   Aytmoqchi, sovet adabiyotining muhim vazifalaridan biri — o‘smir-yoshlarni qahramonlik, vatanparvarlik ruhida, sotsializmning ashaddiy dushmanlariga nisbatan murosasiz va shafqatsiz bo‘lish ruhida tarbiyalashdan iborat edi. Xo‘sh, farq nimada? Aslini olganda, hech qanday farq yo‘q. Ustiga qanday qayla surtib tortiq qilinishidan qat’i nazar, tarbiya qotillik asosida qurilgan bo‘lsa, oxir oqibat o‘zini o‘zi o‘ldiradigan kamikadzega yoki Jeyms Bondga ega bo‘lamiz.
   Shoxonov. Yapon faylasufi D.Ikedoy bilan hamkorlikda yaratilgan suhbat-kitobingizda Siz ustimizga bostirib kelayotgan zamonning badbin basharasi to‘g‘risida gapirib: «Har bir oila o‘z farzandlarini har qanday mafkuraviy tajovuzkorlikdan himoya qilishga tayyor bo‘lib turishi kerak», deb ogohlantirgan edingiz. O’sha ogohlantirishni eshitdikmi? Tushundikmi? Afsuski, ko‘pchilik ota-onalar xavf-xatarni sezib, muhofazaga hozirlanish o‘rniga xuddi asov otdek boshi oqqan tomonga shataloq otib ketayotir.
   Qachonlardir Ispaniyada bitta yozuvchining Sovet Ittifoqi to‘g‘risidagi mana bunday fikr-mulohazalarini eshitgan edim: «Bolsheviklar sadizm va qonxo‘rlik vositasida mamlakat hokimiyatini egallab oldilar. Aybni og‘irlashtiradigan bu holat voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va u haqda kitoblardan o‘qib bilgan avlod taqdiriga, kelajagiga soya soladi». Bu so‘zlar ko‘p yillar mobaynida qalbimda aks sado berib turdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:10:07
   Aytmatov. Bu gaplarni inkor etib bo‘lmaydi. XX asrda insonparvarlik inqirozga uchragani bor gap. Bu inqiroz ancha ilgari boshlangan bo‘lib, uning sabablari maxsus suhbatga mavzu bo‘ladi.
   Nazarimda, bu masalaga batafsil to‘xtalib o‘tish lozim. Chunki, hech kimga sir emas, tabiatni qanday qilib asrash, ochlikdan, urushlardan, texnikaviy taraqqiyot keltirib chiqaradigan kulfatlardan himoyalanish to‘g‘risida bosh qotirishdan avval ma’naviy ma’noda inson qanday qilib inson bo‘lib qolajagini, nafaqat aql-idrokli mavjudot shaklida emas, balki his qiladigan, vijdonli inson qandoq bo‘lishi kerakligini bilmoq kerak. Ma’lum darajada hayvonlarning ham aqli bor. Vijdon va his-tuyg‘u faqat insonga xos  xususiyatdir. Endi  G’arbdagi  insonparvar faylasuflarning nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatlagan holda aytmoqchimanki, boshimizga yog‘ilishi mumkin bo‘lgan misli ko‘rilmagan halokat — bu faqat atom, issiqlik quvvati kabi insonni (balki, jamiki tiriklikni) Yer yuzidan jismonan yo‘qotib yuboradigan xatargina emas, ayni chog‘da insoniyatning ichidagi insoniylikni tag-tomiri bilan mahv etib yuborishga qodir bo‘lgan dahshatli halokat ham ro‘y berishi mumkin. Bu degani — inson asil inson bo‘lolmadi demakdir.
   Shoxonov. Yoki insoniy qiyofasini yo‘qotgan inson paydo bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:11:31
   Aytmatov. Unisi ham, bunisi ham — bir go‘r. Endi ko‘nglingga g‘ulgula solib qo‘ygan ispan yozuvchisining boyagi so‘zlariga kelsak, menimcha, u bolshevizm mohiyatini juda sinchikovlik bilan ilg‘ab olgan ko‘rinadi. Masalaga atroflicha yondoshadigan bo‘lsak, mustabid tuzum qaerda zaharli ildiz otgan bo‘lishidan qat’i nazar uning mohiyati o‘zgarmaydi. Kezi kelganda diqqat-e’tiborimizni bitta muammoga qarataylik: sadizmni harakatga keltiradigan sabablar, omillar qanday bo‘ladi? U qaerda, nima uchun paydo bo‘ladi? Jamiyatning axloqiy asoslariga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi? Qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?
   «Sadizm» degan iboraning chin ma’nosi nima ekanini ayrim kishilar bilmasa kerak. Xorijiy so‘zlar lug‘atiga murojaat etamiz. Frantsuz yozuvchisi markiz de Sad (1740—1814) nomi bilan ataladigan ushbu atamaning ma’nosi — jinsiy buzuqlik, yostiqdoshiga jismoniy azob yetkazilgan taqdirdagina to‘la-to‘kis huzur qilinadi, shuningdek, haddan tashqari shafqatsizlik, boshqalarning azoblanishidan huzurlanish demak.
   Yuqorida aytilgan gaplarga qo‘shimcha sifatida qayd etmoq lozimki, olimlar sadizmni bir necha turga ajratadilar: nasliy kasallik bilan bog‘liq bo‘lgan sadizm; ruhiy kasallik sifatida ro‘y beradigan sadizm; nashavandlik va ichkilikbozlik natijasida yuzaga chiqadigan sadizm ham boyagi toifaga mansub; nihoyat, ijtimoiy turmushning keskin izdan chiqib ketishi natijasida ro‘y beradigan sadizm.
   Dastlabki ikki guruhga aloqador sadizm sabablarini e’tibordan soqit qilmagan holda uchinchi — ijtimoiy guruh sabablarini ko‘zdan kechiramiz. De Sad o‘zini e’tiqodli respublikachi deb hisoblardi. Hayron bo‘lyapsanmi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:12:26
   Shoxonov. Hm-m! Nima desam ekan...
   Aytmatov. Qaysidir bir kitobda o‘qiganim bor, Frantsiya inqilobi tajribalaridan markiz de Sad g‘aroyib xulosa chiqaradi.
   Shoxonov. Qiziq. Qanday?
   Aytmatov. Mana bunday: inqilobiy tuzum sharoitida insoniyatga qarshi qilingan biron-bir jinoyat qoralanmasligi lozim. Chunki, bunday sharoitda jinoyat odatiy taomilga aylanib qoladi.
   Shoxonov. Nayrangbozlikni qarang!
   Aytmatov. Asti qo‘yaverasan. Uddaburonlik, ustamonlik bobida uning aql-idrokiga tan bermay ilojing yo‘q.
   De Sadning janjalli fitnalarga, ishqiy mojarolarning mayda-chuyda tafsilotlariga boy bo‘lgan hayoti uning romanlariga ko‘chib o‘tadi va manfur shafqatsizlikning namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Qizig‘i shundaki, yovuzlik ildizi va shaxsiy tubanlik sabablarini markiz o‘z zamonasining illatlaridan axtaradi. U yashagan zamon halokatlar shiori ostida kechadi. Chunki, frantsuz asilzodalarining quyoshi so‘nadi, dvoryanlar o‘zlarining azaliy hokimiyatidan, qudratidan mahrum bo‘ladilar; inqirozga, parokandalikka, axloqiy buzuqlikka yuz tutadilar. Avvalgi imtiyozlardan faqat bittasi saqlanib qoladi — mustabid hukmdorning mavqeini tiklash uchun kurash huquqini boy bermaydilar. O’sha hukmdor esa: «Har bir erkak to‘shakda mustabid bo‘ladi», degan tutum asosida ko‘ngliga kelgan noma’qulchilikni qiladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:13:05
   Shoxonov. Markiz de Sad go‘shangida mustabidning hassasini uchratib qoladiyu undan unumli foydalanadi, so‘ng huzur-halovat bilan azob-uqubatning farqiga bormay qo‘yadi. Islovatxonaga tashrif buyurgan chog‘i qo‘liga qamchi olib, yostiqdoshini o‘lar holatga yetguncha savalaydi-da, keyin o‘zini o‘zi yumdalaydi. «Uzil-kesil ishonch hosil qildimki, bu tartib cheksiz huzur-halovat bag‘ishlaydi», deb o‘z taassurotini takror-takror qayd etadi.
   Uning «Jyustin» romanida shafqatsizlik sahnasi tasvirlangan yorqin bir parcha bor: Jerkand ismli qahramon dastlab o‘z xotinini yarador qiladi, so‘ng qonni ko‘rib jazavasi tutadi — bundan o‘zini yo‘qotar darajada zavq oladi. Har haftaning ma’lum bir kunida mana shu holat takrorlanaveradi. Qop-qora qoniga belanib, ayol sulayib qolgandan keyingina qahramon huzurbaxsh qiliqlarini bas qiladi. Ayolning Jyustinga sadoqati, kamsuqumligi tahsinga sazovor. Cho‘ri bo‘lib kelgan xonadonda u misli ko‘rilmagan azob-uqubatlarni boshidan kechiradi. Zo‘rlab uning nomusiga tegadilar, xochga tortadilar, qamchi bilan savalaydilar, itlarga talatadilar, bamaylixotir tomirini kesib, qop-qora qonini oqizadilar... Erkak uning bo‘yniga sirtmoq solib, asta-sekin bo‘g‘a boshlaydi; bu paytda o‘zi to‘shakda boshqa bir fohisha bilan don olishib yotadi. Bo‘g‘ilayotgan ayolning ihragan tovushi erkak jazavasini yanada oshirib yuboradi. Ayol hushidan ketib yiqilgandan keyingina sirtmoq bo‘shatiladi. Muallif bunday jirkanch sahnalarni nihoyatda ko‘tarinki ruhda, maroq bilan tasvirlaydi.
   Yovuzlik hech qachon jazosiz qolmaydi. Ertami-kechmi, baribir javob berishga to‘g‘ri keladi. O’sha markiz de Sadning hayoti ham sarson-sargardonlikda kechadi. Uni bir necha marta qamaganlar, ta’qib etganlar. Mamlakat bo‘ylab rosa tentirab yurgan vasvos oxiri Italiyaga qochib qutiladi. Zamondoshlari u haqda: «1778 yil 7 sentyabr kuni italyanlar de Sadni yirtqich hayvon sifatida temir panjarali qafasga qamab, Vensenga eltib tashladilar», deb yozadilar.
   Italiyada de Sadning jinsiy kasali yana xuruj qilib qoladi. Sharmandai sharmisor bo‘lib vataniga qaytib borgach, oshkora vahshiylikka chek qo‘yadi va yangi paydo bo‘lgan yozuvchi sifatida nom qozonadi. Tabiat qo‘ynidan panoh topib, sir-asrorini qog‘ozga ishonib to‘kadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:13:53
   Aytmatov. Shunday qilib, markiz de Sadning bedavo dardi, axloqsizligi, shafqatsizligi, qonxo‘rligi, tiyiqsizligi uning asarlarida o‘z aksini topadi. Eng afsuslanarli joyi shundaki, mana shunday alahsirashlarni u mutlaqo jirkanmasdan, zo‘r g‘ayrat-shijoat ko‘rsatib tasvirlaydi. De Sadning kitoblarida yovuzlik tarannum etiladi. U hayot paytida faqat la’natlar  eshitadi,  xolos.  O’limi arafasida  esa o‘z ustidan ayovsiz hukm chiqaradi: «Hatto mozorimdan ham nom-nishon qolmaydi. Ishonchim komilki, men to‘g‘rimdagi har qanday esdalik ham odamlar xotirasidan o‘chib ketadi», deydi u. Nadomatlar bo‘lgaykim, uning asarlari hozirgi kunlarda ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinayotir va millionlab nusxalarda nashr etilyapti. Bu boshi berk ko‘cha.
   Shoxonov. De Sad asarlarida tasvirlangan ma’naviy qashshoqlik, ashaddiy shafqatsizlik manzaralari faqat la’natlashga loyiq. O’z onasini zo‘rlagan murtad, qizini o‘ziga o‘ynash tutib, so‘ng uning murdasini ovloq joyga eltib tashlaguncha yalab-yulqab borgan vasvos ota haqidagi parchalarni o‘qishning o‘zi ham azob. Shunday bo‘lsa-da, de Sad kitoblarini o‘qishga mushtoq bo‘lgan kitobxonlar juda ko‘p ekan.
   Aytmatov. Aytaylik, Beriyaning jirkanch, razil sarguzashtlari to‘g‘risida yozilgan kitob paydo bo‘lsa, shunchaki qiziqish yuzasidan o‘qib ko‘rarmidim? Rostini aytsam, aslo o‘qimayman. Qiziquvchilar uchun hozir shu toifadagi asarlar kitob chayqovxonalarida bosilib yotibdi. Bunday asarlarning mualliflari kim? Ularni it ham bilmaydi. Lekin, bir narsa aniqki, ular «adabiyot» vositasida harom boylik to‘plamoqchi bo‘lib yurgan kimsalardir. Afsuski, ular to‘la-to‘kis erkinlikni qo‘lga kiritishgach, sodda o‘quvchining ehtiyojini qondirish uchun tuban nafsiga erk berib yuborishdi. Unday kimsalar uchun hech qanday muqaddas narsa yo‘q. Demokratiyaning teskari natijasi shunday bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:15:00
   Shoxonov. Yaqinda «Dunyo yangiliklari» jaridasida quyidagicha mazmundagi e’longa ko‘zim tushib qoldi: «Yoshim o‘ttiz yettida. Baland bo‘yli, kelishgan, istaram issiq. Kaltaklanishdan huzur qiladigan, jinsiy muloqot  boshlashdan avval tasma  yoki  qamchi  yordamida jismoniy azob tortishni istaydigan ayol yoki qiz bilan tanishsam, xursand bo‘lardim... O’rin almashuv imkoniyati ham istisno etilmaydi». Shundan so‘ng, bir ayol bilan bog‘liq bo‘lgan voqea esimga tushdi. Uning g‘alati sa’y-harakatlari mening bolalik tasavvurimni ostin-ustin qilib yuborgan edi.
   Ovulimizda yoqimtoygina ayol bo‘lardi. Tinchgina uy yumushlarini bajarib yuradigan o‘sha ayol birdan jini qo‘zib, jamoat joylarida xurmacha qiliqlarini namoyish eta boshladi. Hech qanday sababsiz odamlarning ko‘z o‘ngida erining jig‘iga tegadigan, uni changitib so‘kadigan, doim janjallashadigan odat chiqardi. Nihoyat, erning toqati toq bo‘ladi va ayolning esini kiritib qo‘yishga ahd qiladi. Dod-faryodni eshitgan qo‘shni xotinlarning yuraklari achishib: «Voy, bechora, sog‘ joying qolmabdi-ku! Bemaza qiliqlaringni tashlasang bo‘lmaydimi?» deb taskin berishadi. O’sha ayol shunday deb javob qaytaradi:
   —   Erim kaltaklayotgan paytda yelkalarim shunaqayam mazza qiladiki, voy, shunaqayam yaxshiki, go‘yo onadan yangi tug‘ilganday bo‘laman!
   «Ie, bu qanaqasi bo‘ldi? — deb hayron bo‘lardim o‘shanda. — Axir, odam kaltak yeyayotgan paytida ham mazza qiladimi?»     
   Keyin men «mazoxizm» degan iborani eshitdim. Tushundimki, bu inson ruhiyatining murakkab jumboqlaridan biri ekan. De Sadning dalil-dastaklari bilan ovulimizdagi ayol tarixi o‘rtasida qandaydir ko‘zga ko‘rinmas bog‘liqlik bor: ayol erining kaltaklarini tilab oladi, kaltaklar unga muolaja misoli ta’sir etadi. Balki, bunday holatni odatdagi qoliplarga sig‘maydigan maxsus mizoj deb baholamoq kerakdir?
   Bir safar Marqadan mashinada qaytib kelayotgandim. Vaqt yarim kechaga yaqinlashib qolgandi. Uzunyog‘och qishlog‘idan o‘tib, GAI xodimining olatayog‘i yo‘limni to‘sganini ko‘rib qoldim. To‘xtadim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:15:47
—O-o, sizmisiz, Muxtor og‘a? Yarim kechada qayoqdan kelyapsiz? — dedi militsioner kaminani tanib. So‘ng: — Aybga buyurmaysiz, iltimosim bor, bitta yigitni Olmaotaga tashlab o‘tolmaysizmi? — dedi.
—Mayli, chiqsin. O’zim ham yolg‘izlikdan zerikib ketyapman... Qani, yigitcha, yo‘limizni bersin! — deb notanish hamrohimni suhbatga tortmoqchi bo‘ldim.
—Birdaniga oltita ayolni o‘ldirgan yigitcha to‘g‘risida eshitdingizmi? — deb so‘radi u.
—Yomon gap tez tarqaladi. Eshitdim.
—Men o‘sha ish bo‘yicha tergov olib boryapman.
—Chamamda, o‘sha yigit sal anaqaroq bo‘lsa kerak?
   —   Yo‘q, — deb bosh chayqadi tergovchi. — Aql-hushi joyida. Uzunyog‘och qishlog‘ida tug‘ilib, o‘sgan. Maktabni ham yomon tugatmagan. O’zining iqror bo‘lishicha, qurbonliklarini oldindan tanlab qo‘ygan. Yuzma-yuz qolishgach, yigit qulochkashlab uzun pichog‘ini ayolning yuragiga sanchadi va dastasidan ushlab aylantira boshlaydi... Bechora joni chiqayotgan paytda it azobini tortadi. Ma’lum bo‘lishicha, jon talvasasiga tushib qiynalayotgan ayolning holati esa yigitga so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan darajada huzur-halovat bag‘ishlaydi. Qurbon qanchalik ko‘p vaqt qiynalsa, qotilning halovati ham shu qadar uzoq davom etadi. — Oldimizda Olmaota chiroqlari ko‘rina boshlagan chog‘: — Muxtor og‘a, mashinani to‘xtating, men sizga bitta surat ko‘rsataman, — dedi tergovchi.
   Indamasdan mashinani to‘xtatdim. Hamrohim sumkasini ochib, undan surat olib uzatdi: stol ustida kesib olingan ayol kishining boshi turardi, sochlari bir tutamgina bo‘lib qolgan, yuzi oppoq, ko‘zlari yumiq.
   —   Uning oxirgi qurbonligi, — deb izoh berdi u. Ko‘nglim buzilib ketdi. Tergovchi hikoyasini davom ettirdi.
   —   Leningraddan maxsus taklif etilgan mutaxassislarning taxmin qilishicha, jinoyatchining yettinchi avlodidagi bobosi juda usta jallod bo‘lgan ekan. Boshqacha aytganda, bu odamxo‘rning qotillikka, o‘z qurbonini shafqatsizlik bilan azoblab o‘ldirishga moyilligi nasl-nasabidan o‘tib kelgan. Shunday bo‘lgan taqdirda, u o‘zi istamagan holda ham yovuzlik qilishi mumkin.
   Odamning sochini tikka qilib yuboradigan hodisalar tarixda ko‘p bo‘lgan. Misol uchun XVII asrda yashagan qonxo‘r ayol, mojor grafinyasi Yelizaveta Batorni olib ko‘raylik. Bu asilzoda xonim maxsus o‘ldirilgan qizlarning issiq qoniga to‘ldirilgan vannada cho‘milishni yaxshi ko‘rardi. Qon to‘ldirilgan vannada cho‘milayotgan paytda xonim o‘zini nihoyatda baxtiyor his etardi. Bundan tashqari, badanga rohat bag‘ishlagan narsa foydali hisoblanardi: go‘yo yosh qizlarning issiq qonlari go‘zallikni mustahkamlar emish. Yalmog‘iz 650 nafar dehqon qizlarining yostig‘ini quritadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:16:17
   Asrimiz boshlarida G’arb tafakkuri an’anaviy qadriyatlarni kuppayakun qilib tashladi: tajriba bahonasi  «uch mezonli olam»  tushunchasi moddiylashtirildi, qoliplarga solindi; so‘ngra inson tabiati va dunyoning astari ag‘darib ko‘rildi. Ta’qiqlangan, boshqacha tuyulgan, noma’lum narsalar G’arbning kasal nigohini o‘ziga qaratdi. Odatdagi, an’anaviy ijobiy narsalarga qiziqish susayib ketdi, qadrsizlandi. Yevropa tafakkurining mana shu poydor dasturi XX asr adog‘ida G’arbning umumiy holatini va madaniy yo‘nalishini belgilab berdi.
   Sadizmning ildizlari juda chuqurliqda joylashgan ongsiz quvvatlarga borib tutashdi. Bu hodisani tadqiq etish borasida g‘arblik ruhiyatshunoslar ma’lum bir natijalarga erishdilar. Yevropa madaniyati hozir ham jahannam yoqasida turtinib yuribdi.. U kulfat keltiradigan hoyu havaslardan, ideyalardan qutilib ketolmayapti.
   Bu muammolarni yengib o‘tgan Sharq tajribasi har doim ham G’arb tushunchalariga mos kelavermaydi. Chunki, G’arb borliqning azaliy o‘zgarmasligini inkor etadi. U ko‘zga ko‘rinib turgan, aql-idrokka asoslangan borliqni tan oladi, xolos. Ammo, G’arb azaliy tarix haqiqatini va uni o‘rganish uslublarini kashf etish arafasida turibdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:16:42
   Aytmatov. Hayotiy shart-sharoitlar va muhit ayrim hollarda insonni shafqatsizlik ko‘chasiga boshlab kiradi degan fikrga men ham to‘la-to‘kis qo‘shilaman. O’zim ham o‘shanday tuyg‘uni boshimdan kechirganman. Ulug‘ vatan urushining og‘ir davrida bir voqea sodir bo‘ldi. O’shanda g‘azabim qo‘zib, bitta odamni o‘ldirib qo‘yishimga sal qolgandi. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, o‘sha hodisani qog‘ozga tushirdim. Muxtorjon, o‘sha g‘amgin xotiramni senga o‘qib berganim yaxshi emasmi?
   «1943 yilning qish faslida, fevral oyining boshlarida bizning oilamiz boshiga musibat tushdi. Men ochlik, qashshoqlik, urush to‘g‘risida gapirayotganim yo‘q. Bularning hammasi o‘z-o‘zidan tushunarli. Faqat bir narsani nazardan qochirmaslik lozimki, yuqoridagi kulfatlardan tashqari, biz quvg‘inga uchragan oila edik, Stalin tuzumi tomonidan mahv etilgan «xalq dushmani»ning bolalari edik. Kasal onamizning (umrining oxirigacha tomirlarining shamollash kasali surunkali davom etgan bo‘lsa-da, 1937 yilda otamiz otib  tashlangach   eski  dardi   xurujini  kuchaytirib yuborgandi) to‘rtta farzandi bor edi. Men o‘n besh yashar, to‘ng‘ichi edim.
   Biz ko‘chib borgan ovul hozir ham Jiyda deb ataladi. Tashlandiq, yarim vayrona loysuvoq kulbada tiqilib yashardik. Sigir (uning laqabi hali-hali esimda — Zuhra edi) saqlaydigan bostirmamiz bo‘lmagani tufayli urush boshlanishidan ancha ilgari sovg‘a qilingan «enaga»mizni raisning ruxsati bilan o‘sha qish faslida kolxoz molxonasida boqardik. Bu gaplarni aytayotganimga sabab shuki, o‘sha sigir biz uchun naqadar zarur ekanini tushuntirmoqchi bo‘lyapman. Biz bolalar ham sigirsiz yashashimiz juda mushkul bo‘lishini bilardik. Kun bo‘yi molxonada har xil yumushlarni bajarib yurardik: o‘t berardik, sog‘ardik, qo‘ni-qo‘shnilarimizdan yem tilab olardik. Shu tarzda biz uning buzoqlashini kutardik. Uyda faqat sut-qatiq, qaymoq, pishloq to‘g‘risida gaplashardik, shirin xayollar surardik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:17:57
   O’sha rutubatli qish tongini hech qachon esimdan chiqarmasam kerak. Barvaqt turib, izg‘irin ostida molxona tomon yo‘l oldim. Zuhraning holidan ertaroq xabar olmoqchi edim. Molxonaga birinchi bo‘lib o‘zim boribman, molboqarlardan hech kim kelmagan edi. Dastlab, nima uchun sigirimiz joyida yo‘qligini tushunolmay hayron qoldim. Bostirma bo‘m-bo‘sh edi. Sigirimiz eng chekka joyda, bostirmaga kiraverishda bog‘loqlik turardi. Darvozaning yarmi sinib ketgani bois kechasiyu kunduzi ochiq bo‘lardi. Ba’zan yem-xashak bergani otlansak, Zuhra olisdan bizning qoramizni ko‘rardiyu bo‘kirib qolardi. Sigirimni joyidan topolmaganimdan so‘ng, balki arqoni bo‘shalib ketib, shu yaqin atrofda sang‘ib yurgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Biroq, men uni saroyda ham, molxonada ham uchratmadim. Sigir hech qaerda yo‘q edi. Shundan so‘ng tungi qorovul huzuriga oshiqdim. U pichanxona burchagida uxlab yotardi. Chol baloni ham bilmasdi. Ehtimol, o‘zini go‘llikka solayotgandir? Sigirimiz qayoqqa ketdi, degan savolimga aslo javob berolmadi. «Balki, bo‘shalib ketib, dalaga chiqib, o‘tlab yurgandir?» deb o‘zicha taxmin qildi. Shu daqiqadan e’tiboran yuragimga g‘ulg‘ula tushdi. Men to‘rt tarafni timirskilab ko‘rdim: jarlikka bo‘yladim, daryo qirg‘oqlariga ko‘z yugurtirdim. Odatda, sigirni daryo yoqasiga yetaklab borib, sug‘orib qaytardik. Lekin, hech qaerda Zuhraning izi ko‘rinmadi. Tong-saharda birorta sigir bostirma ostidan o‘z holicha chiqib ketmaydi. Falokat ro‘y berganini tushundim. Onamga xabar berish uchun kulbamiz tomon yugurdim. O’sha soatdan boshlab oilamiz ustiga osmon qulab tushganday bo‘ldi. Erta kunimiz xuftonga aylandi: shak-shubha yo‘qki, sigirni olib ketishgan, o‘g‘rilab olib ketishgan edi. Hamma sarosimaga tushib, yig‘lay boshladi. Nima qilish kerakligini hech kim bilmasdi. Qo‘ni-qo‘shnilarimiz yugurib chiqishdi: bizga achinganlaridan yovuz niyatli kimsalarni qarg‘ay boshladilar — ularning boshiga ham qora kunlar tushishini xudodan tiladilar. Hozir ham esimda, men nihoyatda darg‘azab bo‘ldim, qat’iy qaror qildim. To‘ng‘ich farzand edim. Ukalarimni himoya qilishim kerak edi — boshimizga tushgan kulfat uchun o‘ch olmog‘im, kurashmog‘im lozim edi. O’sha paytdagi tushuncham bo‘yicha faqat bir narsa qo‘limdan kelardi: o‘g‘rilarni o‘ldirish kerak, vassalom! Shunday qilib, qo‘shnilarimizdan biri bo‘lmish Temurbek traktorchining uyiga miltiq so‘rab bordim. Kuzgi shudgor paytida men unga suvchilik qilib, yordam bergandim. U ko‘rpaga o‘ranib, terga botib yotardi. Betob ekan. Temurbek boshimizga musibat tushganini eshitgan ekan. «Miltiq, ana, devorda osig‘lik turibdi. Olaver. Patronlar esa mixga osilgan sumkada, — dedi u. — Agar betob bo‘lmaganimda-ku, o‘zim ham birga borib, o‘sha murtadlarni uchratgan joyimdayoq otib tashlardim», deb qo‘shib qo‘ydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:19:12
   Temurbek huzuridan qalbimda qasos ruhi yonib, miltiqni olib chiqdim. Butun vujudimni g‘am-alam chulg‘ab olgandi. Boshqa narsani xayolimga keltirmasdim. Musibat olovida qovurilayotgan yuragimni faqat bir fikr o‘rtardi: qanday qilib bo‘lsa-da o‘g‘rilarni topib, jazolashim kerak. Bunday qarorga kelishimga sabab — o‘g‘rilar hali olis ketmagan bo‘lishi mumkin. Chunki, hartugul, sigir ot emas, yo‘rg‘alab yurmaydi. Ular faqat kechasi yo‘l bosadilar, kunduzi birov ko‘rib qolishi ehtimoldan xoli emas. Demak, hozir ular birorta ovloq joyda pisib yotgan bo‘lishlari kerak. Agar sigirni so‘yib ulgurishgan bo‘lsa, go‘shtni yashirib qo‘yishib, o‘zlari uxlab yotishibdi. O’g‘rilarning yana   bir   mulohazasi   battar   jahlimni   chiqarardi: ya’ni, ular o‘ylashganki, bu oila kelgindi, orqamizdan quvlaydigan jonkuyari yo‘q. Mana, endi men xuddi osmondan tushganday qo‘limda miltiq bilan ro‘parasidan chiqamanu ikki kishi bo‘ladimi, uch kishi bo‘ladimi — hammasining peshonasidan otaman... Ha, faqat shunday qilaman. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!
   Xuddi jinniga o‘xshardim: dalalarni, jarliklarni titkilab chiqdim, ovloq oromgohlar ham nazarimdan chetda qolmadi, tog‘ etaklariga qadar bordim. Qahraton qish edi, lekin sovuqni sezmasdim. Ichimdan issiq chiqar edi. Yugurib ketayotib xuddi bo‘riga o‘xshab qor yerdim. Bittayu bitta etigimni ham ayamasdim, yo‘l tanlab o‘tirmasdim — duch kelgan joydan ketaverardim. Charchoq nimaligini ham bilmasdim. Tez orada ukam ikkovimiz navbat bo‘yicha avaylab-asrab kiyadigan etik ham yirtilib ketdi. Vaqt peshinga yaqinlashib qoldi. Biroq, hech qaerda hech kimni uchratmadim. Bo‘shliq, kimsasizlik hafsalamni pir qildi. Chor atrof tog‘lardan va tog‘lar o‘rtasidagi bo‘m-bo‘sh tekisliklardan iborat edi. Tevarakda hech kim, hech qanday iz yo‘q.
   Birdan o‘ylab qoldim, o‘g‘rilar bu yerga eng yaqin bo‘lgan Jambul shahriga (keyinchalik men ana shu shaharda zooveterinariya texnikumida o‘qidim) yo‘l olgan bo‘lishlari kerak-ku! Ha, albatta, sigirni so‘yib, go‘shtini bozorda sotish uchun o‘sha yoqqa olib ketishgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:19:33
   Mana shu oddiygina taxminiy haqiqatdan yuragim hapriqib ketdi va ko‘p o‘ylab turmasdan shahar tomon jo‘nadim. Agar tun bo‘yi to‘xtamasdan yursam, faqat erta tongda shaharga yetib borishim mumkin edi. To‘xtovsiz ravishda, hech ikkilanmasdan bu yo‘lni bosib o‘tishga tayyor edim. Zudlik bilan qirdan enib tushdim-da katta yo‘l tomon yo‘naldim. Xayolan shaharga yetib borganimdan so‘ng qiladigan ishlarimni bir-bir ko‘z oldimdan o‘tkazdim: erta tongdan e’tiboran bozorma-bozor yurib, har bir kishining yuz-ko‘zlariga razm solib qarayman. Balki, yangi so‘yilgan sigirning terisini uchratib qolarman. Agar terini uchratmasam, hechqisi yo‘q, sotuvchining qiyofasidan, ko‘zlaridan kimligini bexato bilib olaman. Aynan qanday qilib bilib olishimni aniq tasavvur etolmasdim-u, lekin o‘g‘rilarni bexato tanib qolishimga zarracha ham shubha qilmasdim. Ular ham meni tanib qoladilar. Biroq, endi kech bo‘ladi, qochishga ulgurmaydilar: men ularni shu yerning o‘zidayoq — go‘sht sotilayotgan peshtaxta orqasidayoq otib tashlayman, vassalom!
   Miltiqni mahkam ushlaganimcha yuragimda qasos o‘ti yonib borardim. Nihoyat, katta yo‘lga ham chiqdim. O’z xayollarim bilan band bo‘lib, qarshimdan eshak minib kelayotgan bir odamning yaqinlashib qolganini darhol sezmadim. Bu oddiygina qishloqi chol edi. Ust-boshi bir ahvolda, boshida ohori to‘kilgan telpak, soqoli oppoq. Egarlangan kulrang eshak o‘zi o‘rganib qolgan yo‘lda mayda qadam tashlab kelardi. Chol ko‘hna, qarovsiz qolgan qabriston tomondan kelmoqda edi. Yo‘limiz kesishdi. Bunday paytda birinchi bo‘lib salom berishim farz bo‘lsa-da, lekin qahr-g‘azab butun vujudimni chulg‘ab olgani uchunmi, bu safar o‘z burchimni ham unutib qo‘ydim. Cholning yonidan indamasdan o‘tib ketdim. Shu payt chol meni chaqirib qoldi:
—Menga qara, yigitcha! — dedi u. — Mabodo, birovni o‘ldirmoqchi emasmisan?
—Ha, — dedim cholning savolidan mutlaqo hayratlanmagan holda. — O’ldirmoqchiman!
   Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Chol ozib-to‘zib ketgandi, lekin xotirjam edi. Ko‘pni ko‘rgani bilinib turardi. U boshini silkitib qo‘ydi.
—Bo‘pti, niyating shunaqa bo‘lsa, shoshilmagin. Bir pas tur, gaplashamiz. Xo‘sh, nega birovni o‘ldirmoqchisan?
—Erta-indin tug‘adigan sigirimizni o‘g‘irlab ketishdi. Oilada to‘rt jonmiz. Men to‘ng‘ichman. Onam bilan ammam kasal bo‘lib yotishibdi.
—Buni qara-ya! Bechora-ey... Lekin, gapimga quloq sol. Qasos o‘ti bilan o‘zingni o‘zing qovurma, xayolingda ham odam o‘ldirma, hatto la’nati o‘g‘rini ham o‘ldirmagin.
   Miq etmadim. Qichqirib yuborishdan zo‘rg‘a o‘zimni tiyib turardim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:20:54
   —   Ahvolingni bilib turibman, — dedi chol salmoqli ohangda. — Gaplaringni eshitib, suyaklarim sirqirab ketdi. Lekin, notanish cholning so‘zlarini yerda qoldirma: birovni o‘ldiraman deb yurmagin! Bunday fikrni yurakda saqlama. Uyingga qayt. Doim bir narsa esingda bo‘lsin:  yomonlik qilgan odamga hayotning o‘zi jazosini beradi. Ishonaver, baribir jazosini tortadi. Jazo abadulabad orqasidan qadam-baqadam ergashib yuradi; birga yotib, birga turadi. Seni hayotning o‘zi mukofotlaydi. Uyingga qayt, qotillikni esingdan chiqarib tashla. Baxtning o‘zi seni izlab topadi, qanday qilib qalbingga joylashib olganini sezmay ham qolasan. Hozir men senga quruq gaplar bilan vaysaqilik qilayotganday ko‘rinishim mumkin. Lekin, gaplarimga ishongin, orqaga qayt... Vaqti-soati kelib, mening so‘zlarim to‘g‘riligiga ishonch hosil qilasan, o‘shanda eslaysan... Hali sigirlaring ham ko‘payib, ehtimol, yuz boshga yetadi. O’g‘lim, endi uyingga bor. Nima gap bo‘lganini onangga ayt. Bora qol, men ham o‘z yo‘limga ketaman...
   Eshagini yo‘rtib ketayotgan cholning orqasidan qarab turar ekanman, hamon ikkilanardim. U orqasiga qayrilib qaramadi... Men ham kimsasiz dala bo‘ylab keta boshladim. Endi kerak bo‘lmaydigan miltiq yelkamdan og‘ir yuk bo‘lib bosib borardi. Qor qoplagan bepoyon maydonga qorong‘ilik cho‘ka boshladi. O’zimga nima bo‘lganini bilmadim-u, ammo birdan o‘krab yig‘lab yubordim. Yig‘idan a’zoi badanim titrardi. Oyog‘imda yirtiq etik bilan yana uzoq tentirab yurdim, yuraverdim...
   O’sha voqeani ko‘p yillardan beri esimdan chiqarib yuborgan edim. Yaqinda hammasi esimga tushib qoldi. Yo‘limda uchragan o‘sha notanish chol ham xayolimda jonlandi, uning so‘zlari ham jonlandi: «Senga qancha yomonlik qilishgan bo‘lsa-da, o‘g‘lim, hech qachon qasos olishni o‘ylamagin».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:21:24
   Demak, mening ham «hayotiy ustozim» bo‘lgan ekan. Tuprog‘imning aziz va pokiza insonlariga egilib ta’zim qilaman! Ular hozir ham mening ma’naviy tayanchimdir. Ehtimol, gap faqat «qaytish»da emas, balki nima uchundir seni yaxshi ko‘rgan odamlar oldidagi burchingni, kimligingni, qayoqdan kelganingni hech qachon, ayniqsa, shon-shuhrat qozonib, baxtli bo‘lgan damlaringda bir daqiqa unutmasliging kerak.
   O’sha voqeani eshitgan bitta tengdoshim:
—Nechta sigiring bor? — deb so‘radi.
—Bitta ham yo‘q, — deb javob berdim.
   Keyin o‘ylab qoldim: butun dunyo bo‘ylab misli ko‘rilmagan nusxalarda tarqalayotgan har bir kitobimning bahosi bitta sigir sotib olishga yetmaydi. Nuroniy darvesh mana shunday karomat qilgan ekan!
   Muxtor, biz sadizm to‘g‘risida fikr-mulohaza yuritayotib, shu voqeani esladik. Goh-goh g‘urbatda o‘tgan bolalik davrimni, qahraton fevral kunlarini, yakkayu yolg‘iz boquvchimiz bo‘lmish sigirdan ajralib qolganimizdan so‘ng ochliqdan tirishib qolganimizni eslasam, irodasizlik qilib yomon ishga qo‘l urmoqchi bo‘lganim uchun o‘zimdan o‘zim xafa bo‘lib ketaman. Biroq, o‘g‘rilar o‘qlangan miltig‘imning ro‘parasidan chiqib qolmagani uchun taqdirimga shukronalar aytaman. Shunda ko‘nglim
   yorishib ketadi. Shafqatsizlik boshqa bir shafqatsizlikni tug‘diradi. Agar o‘g‘rilar qo‘limga tushib qolganda men ularni otib tashlardim. Xo‘sh, undan so‘ng mening taqdirim nima bo‘lardi? Istisno emaski, ijtimoiy fojia tufayli uchqun chiqargan sadizm norasida vujudga halokatli ta’sir o‘tkazib, qalbimda yong‘in chiqarib yuborishi hech gap bo‘lmay qoladi, Inson qalbi — jumboq to‘la quticha. Hayotiy yetishmovchiliklar, mahrumiyatlar natijasida vujudga kelgan qasoskorlik tuyg‘usi va qahr-g‘azab ko‘nguldagi olijanoblik kurtaklarini yanchib tashlamasligiga kim kafolot beradi?
   Inson goh-goh duch keladigan har bir muvaffaqiyatsizlikni baxtsizlik deb hisoblamasligi lozim. Bu — Lev Tolstoyning maslahati. Kim biladi deysiz, balki haqiqiy baxt kichik muvaffaqiyatsizlikdan boshlanar?!
   Agar men o‘smirlik paytimda qoqilib tushganimda bormi, keyin bir umr afsuslanib o‘tardim. O’sha voqeani eslasam a’zoi badanimdan ter chiqib ketadi. Meni yovuzlik yo‘lidan qaytargan o‘sha olijanob chol kim edi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:22:06
   Shoxonov. Agar olimlarning gaplariga ishonadigan bo‘lsak, keyingi o‘ttiz ming yil ichida inson miyasi deyarli sezilarli o‘zgarishga uchramagan ekan. Bu faraz shundoq ham ko‘p narsalarni aytib turibdi, bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin. Agar birovning bobokaloni faylasuf yoki asilzoda bo‘lgan bo‘lsa va yo aksincha, qonxo‘r yoki qallob bo‘lgan bo‘lsa, yettinchi avloddan keyin (balki, oldinroq) o‘sha xususiyatlar yana qo‘zib qoladimi? Xo‘sh, ezgu niyatli sehrgar yaxshilarni, yovuz jodugar yomonlarni bir marta o‘z komiga tortsa — bas, keyin inson tushunchasi, tabiati, mizoji, fe’l-atvori, odatlari, yo‘l-yo‘rig‘i, qoidalari abadulabad o‘zgarmaydimi? Aytaylik, sigiringizni o‘g‘irlab ketgan kishilardan kelajakda faqat o‘g‘rilar, jinoyatchilar tug‘iladimi?
   Yaqinda gazetada bir maktab o‘quvchisining xavfli «xobbi»si to‘g‘risidagi maqolaga ko‘zim tushib qoldi. Bundan dilim xufton bo‘ldi. O’z sinfida eng aqlli, «a’lochi» bo‘lgan xuddi tajribali yosh naturalist kabi... it va mushuklarga azob berishni, o‘ldirishni yaxshi ko‘rar ekan. Bundan cheksiz huzurlanarkan. Uning yo‘lida omborxona uchrab qoladi: taptortmas hayvonkush hech o‘ylab o‘tirmasdan omborxonaga o‘t qo‘yib yuboradi. Yong‘inni ko‘rib yugurib kelgan odamlar o‘tni o‘chirishga kirishadi, kimdir musibatdan qichqira boshlaydi. Bolakay esa bu holatni miriqib tomosha qiladi, rohatlanadi.
   Vaqti-vaqti bilan jin yo‘ldan urgan bolapaqir qabristonga boradi va qabrtoshlarni ag‘darib tashlaydi. Faqat bu bilan qanoat qilmay, qabrlarni ochib, murdalarni xo‘rlaydi. Ota-onalar ancha paytgacha mo‘minqobil farzandlarining xurmacha qiliqlaridan bexabar yuradilar. Bir oqshom bolakay uyga tuproqqa belanib keladi.
—Senga nima bo‘ldi? Turqingga qarab bo‘lmaydi-ku?! — deb koyib berishadi.
—E-e, zo‘r bo‘ldi! Murdalarni boplab kelyapman! — deb mamnuniyat bilan javob qaytaradi bola.
   Ko‘ryapsizmi, hayotimizga eshikni taqillatmasdan yana bitta odamxo‘r kirib keldi. La’natlangan Chikatilodan farqli o‘laroq, bu bolakayning kelajagi hali oldinda.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:22:48
   Aytmatov. Aftidan, u hech qachon markiz de Sad to‘g‘risida ham, sadizm to‘g‘risida ham o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Boz ustiga, xurofiy romanlar yozishni aslo xayoliga keltirmagan. Biroq, ishonchim komilki, u jinoyat qilayotganini bilib turgan. Bu hol nimani anglatadi? Inson qalbida yashaydigan hayvoniy tuyg‘ular bizdan oldin dunyoga kelgan. U kimning qalbida, nima uchun uyg‘onadi? Hamma gap mana shunda.
   Shoxonov. Qo‘qqis birtalay savol tug‘iladi, xayollaring parishon bo‘lib ketadi. Aql-hushi joyida bo‘lgan, o‘ziga to‘q oilada yashaydigan bolakay nima uchun jinoyat ko‘chasiga kirdi? Agar uning aqli zaif bo‘lganda boshqa gap edi. Jurnalistlar o‘tkazgan izlanish natijasida gazetada paydo bo‘lgan maqolada keltirilgan voqealar bitta bolaning qo‘li bilan qilingan. Ruhiyat qatlamlarida vaqti-soati kelishini kutib yotgan xurofiy kuchlar kammikan? Ehtimol, ular borligini biz hech qachon bilmasmiz. Bunday kuchlar yo‘liga g‘ov qo‘yish mumkinmi? Dolzarb ijtimoiy muammoni hal etish uchun qo‘llaydigan vositalarimiz kutilganidek samara beradimi? Aytaylik, sadistlar yoki tuzalmaydigan jinoyatchilar fosh etilgach, biz ularni ozodlikdan mahrum etib, qamoqxonaga yashirib qo‘yganimiz bilan muammo hal bo‘lib qoladimi?
   Nazarimda, boshqa bir yirik muammo — bu manqurtchilik. Siz «Asrni qaritgan kun» romaningizda mana shu mavzuni ko‘targan edingiz.
   Bu qadar ko‘p qatlamli syujet xayolingizda qachon paydo bo‘lgan? Shaxsiy va umuminsoniy koinot chambaragini qanday qilib manqurtchilikka keltirib bog‘ladingiz?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:23:38
   Aytmatov. Odamlar orasida, yozuvchi yozmay yurgan paytida ham yozaveradi, degan gap bor. Shu gap o‘zimga ham yoqadi. Oppoq qog‘ozga ko‘zing tushsa — bas, darrov qo‘lingga qalam olib mavzuni yozib qo‘yasan. Ichki tayyorgarlik bo‘lmasa-da mavzuni qog‘ozga tushirasan. Bu hol xuddi kerakli xom ashyo, moslamalar bo‘lmay turib saroy qurilishini boshlab yuborganday bir gap. Vaqting zoe ketadi. O’zing tanlagan mavzuni muvaffaqiyatli rivojlantirish, ko‘nglingda tug‘ilgan ideyani to‘laqonli ravishda ro‘yobga chiqarish uchun xotira omborxonasini shoshilmasdan ocha boshlaysan. Bolalik xotiralari, shaxsiy tajribalaring, kuzatishlaring, yakunlangan fikr-mulohazalaring, o‘zing qatnashgan voqealar, uchrashuvlar — bularning hammasi sinchikovlik bilan saralangan meva kabi bir ipga tizib chiqiladi va bo‘lajak asarning poydevorini tashkil etadi.
   «Asrni qaritgan kun» romanimni yozishdan avval manqurtchilik mavzusini juda sinchikovlik bilan o‘rgandim. Bolaligimizda biror ishni noto‘g‘ri bajarsak yoki nojo‘ya xatti-harakat qilsak: «Nima balo, manqurtmisan?!» degan tanbehni ko‘p eshitardik. To‘g‘ri, qaysi chegaradan so‘ng inson bevosita manqurtga aylanishini aniq bilmasdik. Lekin, ich-ichimizdan his etardikki, bu so‘z juda yomon haqorat hisoblanardi.
   Bundan o‘n asr muqaddam kuylangan va o‘shandan buyon qahramonlik, vatanparvarlik qomusi bo‘lib kelayotgan qirg‘izlarning «Manas» eposida ilk bora manqurtchilik to‘g‘risida guvohlik berilgan. Eposda shunday parcha bor: kichkintoy Manas asov kuchga ega, jangari bo‘ladi. Bundan tashvishga tushib qolgan mahalliy hokimlar pinhona til biriktiradilar. Ya’ni, kelajakda Manas xalq yo‘lboshchisi bo‘lmasligi uchun uni yoshligida manqurtga aylantirib qo‘ymoqchi bo‘ladilar:
   
   Bolani asirga olaylik,
   boshiga xom terini yopishtiraylik.
   So‘ng, yurtimizga eltib qurg‘urni
   olti aymoq qalmiq bir bo‘lib,
   boplab adabini beraylik!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:25:07
   Oltmishinchi yillarning o‘rtalarida taniqli manaschi-oqin Sayoqboy Qoralaevdan «manqurt» va «shiri» so‘zlarining etimologik ma’nosini so‘ragan edim. Hurmatli oqsoqol xiyla vaqt o‘ylanib, so‘ng bunday degandi:
   — Qadim zamonlarda, qirg‘izlar bilan qalmiqlar orasida tinimsiz qonli urushlar ketayotgan davrlarda raqiblar mol-holni talon-taroj qilishdan tashqari, odamlarni asir qilib ham olib ketardilar. So‘ng asirlar qul sifatida sotib yuborilardi. Asir xojasi qaramog‘ida podavonlik qilib yursa-da, lekin ertami-kechmi, baribir qochib ketishi mumkin edi. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p; asir qulay fursatni topib, biror kishidan qarindosh-urug‘lariga o‘zi haqida xabar aytib yuborishi hech gap emas. Qolaversa, toki tanasida joni bor ekan, u birorta mahalliy xonimning ko‘ngliga yo‘l topishi ham ehtimoldan uzoq emas. Jismonan voyaga yetgan navqiron paytida asir olingan odam besh yil, ko‘pi bilan o‘n yil tutqunlikka bardosh beradi. Keyin har qanday inson bolasi kabi uning ko‘nglida ham asta-sekin norozilik uyg‘onadi, qo‘llari o‘z-o‘zidan qurol-yaroq izlab qoladi, xayolida qo‘zg‘olon pishib yetiladi. Bo‘lajak qo‘zg‘olonchini oldindan tushovlab qo‘yishning birdan-bir yoki birlamchi vositasi — uni manqurtga aylantirib saqlash hisoblanardi.  Buning uchun, eng avval, asirning sochlari tag-tugi bilan ustarada qirib olinardi. So‘ng asirning boshiga yangi so‘yilgan tuya terisidan yoki mol terisidan qiyqim kiydirilardi. Mol terisining qiyqimini qirg‘izlar «shiri» deyishardi. Terining chakkaga tushib turgan qismi gir aylantirilib xomteridan to‘qilgan chilvir bilan tang‘ib bog‘lanadi. Asir ikki tomonlama azob iskanjasiga tushib qoladi. Dastlab, asta-sekin quriy boshlagan teri bujmayib, bosh chanog‘ini siqaveradi; so‘ngra yangi o‘sib chiqqan soch tolalari terini teshib o‘tishga ojizlik qilib, yo‘nalishini o‘zgartiradi va minglab ignalar bosh terisiga sanchiladi: shu tarzda vaqt o‘tishi bilan asab tizimi ishdan chiqadi va xotira yo‘qotiladi. Boshiga shiri kiydirilgan asirning oyoq-qo‘llari bog‘lanib, suvsiz-ovqatsiz holda jazirama quyosh ostiga tashlab qo‘yiladi. Bir-ikki haftadan so‘ng asir yo o‘lib qolardi, yo manqurtga aylanardi. Agar o‘lsa, azoblardan qutilib ketardi; tirik qolsa, ish quroliga aylanardi: o‘z ismini ham, nasl-nasabini ham, o‘tgan kunlarini ham eslay olmasdi, faqat xo‘jayinning xohish-irodasiga bo‘ysunish kerakligini bilardi, xolos. Insoniyat dahshatli zo‘ravonlik qurolini yaratish borasida juda topqirlik qiladi. Lekin, mana shunday varvarlik qarshisida boshqalari hech narsa bo‘lmay qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:25:32
   Mustabid tuzum hukm surgan davrda butun jamiyatga, sen bilan mening, hammamizning dunyoqarashimizga mafkuraviy shiri kiydirib quyildi. Shu yo‘sin hamma va har bir kishi qattiq bo‘yinturuq asosida yagona tutum manfaatlariga itoat ettirildi.
   Bir safar men poezdda Moskvaga ketayotgan edim. Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan navbatdagi kosmik kema uchirilgani to‘g‘risida radiodan xabar berilayotgan payt biz Qizil O’rda viloyati bo‘ylab borayotgandik. Asrlardan beri jizg‘anak bo‘lib yotgan sahroga tikilganimcha deraza oldida uzoq o‘yga toldim. «Asrni qaritgan kun» romanimning xomaki rejasi o‘sha paytlarda tug‘ildi. Insoniyat o‘zga sayyoralarda hayot borligini ko‘pdan beri muhokama qilyapti, o‘zlariga o‘xshash aql-idrokli mavjudot borligiga chin dildan ishonyapti... Agar Yer sayyorasining o‘zi sayyoramizdan tashqaridagi aql-idrokli mavjudotlar tomonidan mahdudlikka mahkum etilgan bo‘lsa nima bo‘ladi? Go‘yo ko‘zim yarq etib ochilganday bo‘ldi. Mana shu fikr xayolimga tinchlik bermay qo‘ydi. Yoshlik paytimda eshitganim manqurt to‘g‘risidagi afsona kutilmaganda xayolimda yangicha talqinga uchradi.
   Qadim zamonlarda irodasi kuchli, jismonan baquvvat insonlar boshga kiydirilgan chambarak vositasida aql-idrokidan, ma’naviy dunyosidan mahrum etiladi, sindiriladi. Bu — juz’iy hodisa. Bir-birini mahv etishga tayyor turgan ikki tuzum mafkuraviy poyga natijasida koinotga chiqib borsayu kim-kimdan zo‘rligini namoyish etish maqsadida Yer yuziga chambarak kiydirib qo‘yishsa, nima bo‘ladi? Qandaydir bir kishining shaxsiy fojiasi hammani yoppasiga o‘z komiga tortib ketadigan kun yaqin qolmadimi? Musibatning begonasi bo‘lmaydi. Fojia qamrovidan, uzoq-yaqinligidan qat’i nazar har doim fojia bo‘lib qolaveradi. Insoniyatga xavf solib turgan halokatdan ogoh etib qo‘yishni istardim. Shu istak tufayli asar yozildi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:25:52
   Shoxonov. Ma’lumki, «manqurt» atamasi qadimdan buyon turk xalqlari orasida yuradi. Manqurtga aylantirish orqali qanchadan-qancha sir-asrorni yashirishga urinmasinlar, lekin la’natlangan so‘z bizning lug‘atimizda ko‘p asrlar davomida saqlanib kelayotir. Siz o‘sha zamonlardan qolgan chakana qiynoq usuliga qalam urdingizu yangicha talqin qilib, bu mavzuni umuminsoniy falsafiy muammo darajasiga ko‘tarib yubordingiz. Hozir «manqurtchilik» atamasi xalqaro lug‘at jamg‘armasidan o‘rin oldi.
   Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, insonni xotirasidan mahrum qilish to‘g‘risida har kim har xil yozadi. Boz ustiga, bu birovning xom xayoli emas, balki o‘z ildizlari bilan Manas davridagi xurofiy uslubga borib qadaladi. Minglab yillar davom etgan qadimiy tarixi mobaynida o‘z boshidan ne-ne kulfatlarni kechirgan Osiyo qit’asida qandaydir yovuz daho tomonidan o‘ylab topilgan uslub bu.
   «Asrni qaritgan kun» romani e’lon qilingandan so‘ng, sobiq Sovet Ittifoqida madaniy-tarixiy halokat yoqasiga borib qolgan kamsonli xalqlarning fojiasi to‘g‘risida bor ovoz bilan gapira boshladilar. Manqurtchilikka qarshilik ko‘rsatish masalasi ular uchun dolzarb bo‘lib qoldi. Boshqacha aytganda, Sizning og‘zingizdan chiqqan achchiq haqiqat millat va elatlarni dilgir etib qo‘ydi.
   Bir necha yillar muqaddam Boltiqbo‘yi respublika-larida va Moldovada yoshlar tinch namoyish chogi ko‘cha-larga ko‘tarib chiqqan «Biz manqurt emasmiz!» degan shior boya aytgan fikrimning yorqin isbotidir.
   Sizga ham ma’lum bo‘lsa kerak, insonning aql-idrokiga, uning ozodligiga qarshi qaratilgan yana bir jinoyat «zombi» deb ataladi. Naql qilishlaricha, manqurtchiliqdan uncha farq qilmaydigan bu «ilmi a’mol», dastlab, Afrikadagi qabilalar o‘rtasida tarqalgan, hozir «asr jinoyati» sifatida nom qozonib ulgurgan. Afsonaga o‘xshaydigan o‘sha voqealarga ishonadigan bo‘lsak, beixtiyor sochimiz tikka bo‘lib ketadi. Umuman olganda, maqsad deyarli bir xil — inson itoatgo‘y qul-ijrochiga aylantiriladi. Farq shundaki, o‘ldirib-tiriltirish vositalari mutlaqo maxfiy holatda saqlangan. Bu jumboqning yechilish tarixi ham boshqacha bo‘lgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:27:29
   Bitta afrikalik dalada ketayotib, ishlayotgan odamlar orasida bundan 15 yil muqaddam o‘lib ketgan og‘asini tanib qoladi. Ko‘zlariga ishonmasdan arvohning yoniga yaqin boradi. Haqiqatan ham, bu odam og‘asi ekan. Faqat ko‘zlari ma’nosiz, hayvoniy uchqun sachrab turardi. O’z ukasini ko‘rib, hatto pinak buzmaydi. Soqovga o‘xshardi. Ismini eshitib ham javob qaytarmaydi, bir nimalar deb g‘o‘ldirab qo‘yadi, xolos. Baxtga qarshi, ishga halaqit berilayotganini sezib, omoch uchi bilan ukasini turtib, yana-tag‘in yerni shudgor qilishga kirishib ketadi. Dahshatga tushgan ukasi tez orada fahmlaydiki, dalada ishlayotgan odamlar tirik murdalar edi, xolos. Bo‘lgan voqeani uyidagilarga, qo‘ni-qo‘shnilariga aytib bergan yigit o‘rtoqlari bilan qabristonga boradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qabr bo‘m-bo‘sh edi.
   Erinchoqlik bilan tuzilgan davlat komissiyasi mahalliy politsiya boshqarmasi bilan hamkorlikda shubha ostiga tushgan qabilani uzluksiz nazorat ostiga oladi. Ma’lum bo‘lishicha, qadim zamonlardan buyon yashirincha odamlar «zombi»lashtirilar ekan. Qullarning tekin mehnatidan foydalanish yo‘llarini qidirib yurgan o‘sha qabila kutilmagan «ilmiy» kashfiyot yaratadi. Samara berishi aniq bo‘lgan tajriba o‘tkazish uchun oldindan jismonan baquvvat yosh yigitlar tanlab olinardi. Qabila a’zolari bu yerliklarga yaxshi tanish bo‘lgan suv havzalaridan ikki tishli zaharli baliqlarni ovlashib, uning yelkasidagi qanotini kesib olishadi. Uni ovqatga qo‘shib pishiradilar, so‘ng tanlab qo‘yilgan nomzodga yediriladi. Bu ovqat nafas yo‘llarini falaj qilib, bevaqt o‘limga sababchi bo‘ladi. Qabila a’zolari marhumni dafn etilgan qabrdan kavlab olishib, o‘rmondagi ovloq changalzorga eltadilar. Marosim ruhiga mos ravishda kiyim-kechak kiyib, bezanib olgan kohin-afsungarlar qoqiriq-suquruq qilishga kirishadilar; marhumning qulog‘iga maxsus afsun duolarini o‘qiydilar. Ayni chog‘da faqat ma’lum doiradagi odamlarga ma’lum bo‘lgan giyohlardan tayyorlangan dori-darmonlardan foydalanadilar. Qisqasi, ertasi kuni ertalab marhumga jon kiradi. Marhum xuddi oldingiday soppa-sog‘, baquvvat holatida tiriladi, lekin o‘z ismini ham, nasl-nasabini ham butunlay unutadi. Shunday qilib, qabila tap-tayyor qulga ega bo‘ladi, uni bemalol paxtazorga ishga jo‘natish mumkin. Ertadan to qora xuftongacha miq etmasdan ishlayveradi: kolxozda ishlayaptimi, sovxozda ishlayaptimi, hissadorlik jamiyati tuzildimi yo ijara pudrati joriy etildimi — unga baribir, faqat mehnat qilishni biladi, xolos. Oxiri o‘sha sirli jinoyatning jumbog‘i topiladi. Biroq, aytishlaricha, hozir ham marhumlar ba’zan o‘g‘irlab ketilar ekan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:28:48
   Aytmatov. Manqurtchilik bilan zombichilik go‘yo sadizm daraxtidan o‘sib chiqqan ikki shoxga o‘xshaydi. Mayli, nomlari har xildir, lekin mohiyati bitta. Ingliz yozuvchisi Grem Grin o‘zining «Komediantlar» romanini yozishdan avval «asr jinoyati» bo‘lmish zombichilikning xususiyatlarini atroflicha o‘rganish maqsadida Gaitidagi qabilalardan birining huzurida bo‘ladi. Keyinchalik o‘z kundaligida quyidagi so‘zlarni qayd etib qo‘yadi: «Tontonmakuti» nomi bilan mashhur bo‘lgan mustabid Dyuvalening maxfiy politsiyasi asosan zombilardan tashkil topgan. Shuning uchun oddiy fuqaro doimo qo‘rquv ostida hayot kechiradi.
   Matbuot xabarlariga qaraganda, bu xildagi jinoyat faqat Afrikada ro‘y bermaydi. Avstraliyaning mahalliy aholisi o‘rtasida hamon zombichilik tag-tomiri bilan yo‘qolib ketmagan. Elatshunoslarning guvohlik berishicha, Avstraliyada qurbonlikni tanlash huquqidan afsungar foydalanadi. Oyoq-qo‘li bog‘langan odam yonboshlatib yotqizib qo‘yiladi-da, nishli baliq qiltanog‘i yoki o‘tkir uchli nayza yurakka sanchilib, qurbon vaqtincha o‘ldiriladi. Yurak urishdan to‘xtaydi, nafas olish ham to‘xtaydi. Vaqti-soati kelgach, marhum tiriltiriladi; o‘tmishini unutishga majbur qilinadi. Naql qilishlaricha, bunday zombi ruhan soppa-sog‘ bo‘lgan risoladagi insondan deyarli farq qilmas ekan. Faqat ba’zan bir nuqtaga tikilgancha ertadan kechgacha harakatsiz o‘tirishi mumkin ekan.
   Shoxonov. O’shanga o‘xshash bitta voqeaga shaxsan guvoh bo‘lgan sayyoh Jorj Rayt o‘z kuzatishlarini quyidagicha qog‘ozga tushiradi: «Yerda yotgan odam o‘lgan edi. Afsungarlarning baqir-chaqiri, barabanlar tovushi kuchayib borgani sari marhumga asta-sekin jon kira boshladi. Dastlab, u qo‘llarini ko‘tarib ko‘ksiga qo‘ydi. Keyin cho‘nqayib o‘tirdi. Baqiriq-chaqiriq avj pardalarga ko‘tarilgan payt o‘zimni qo‘ygani joy topolmay qoldim. Hozirgina tirilgan zombining nigohi bilan ko‘z urishtirishdan ham dahshatli narsa bo‘lmasa kerak».
   Siz yozgan edingizki, insonni baxtdan benasib qilish mumkin, boylikdan mahrum qilish mumkin, hayotdan ham mahrum qilish mumkin... Lekin, aql-idrokka, xotiraga — insonning muqaddas boyligiga tajovuz qilishdanda og‘irroq jinoyat bormikan? Bunga kim javob beradi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:31:02
   Aytmatov. Zombichilik Amerika qit’asida ham keng tarqalib ketgani to‘g‘risida gazetalar ko‘pdan beri yozyapti. Zombilar og‘ir jismoniy mehnat ostida ezilibgina qolmasdan, ayni chog‘da ular har xil jinoiy jabhalarga jalb etilayotir. Ma’lumotlarga qaraganda, Afrikadagi ibtidoiy marosimlar tarix solnomasiga qaytarilgan bo‘lsa-da, lekin zamonaviy kompyuter bilan qurollangan tizim ko‘pdan beri ayrim kishilarni va hayotiy muammoga duch kelgan ijtimoiy guruhlarni yollash, zombilashtirish bilan maxsus shug‘ullanayotir. Agar zombiga aylantirilgan inson o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilganini isbotlab bersa, bunday  jinoyatni  nazorat  qilishga  qodir  bo‘lmagan mamlakat hukumati guyoki 1,5-2 million dollar jarima to‘lashga majbur ekan.
   Gaitidan Amerikaga muhojir bo‘lib borgan Jak Ornyuv ismli kimsa o‘zini zombi deb e’lon qildi va ijtimoiy himoya jamg‘armasidan tovon to‘lashni talab etdi. Jamg‘arma rahbariyati ma’lumot to‘play boshlaydi: Gaitidan jo‘natilgan hujjat nusxasida aytilishicha, Ornyuv ismli fuqaro 1978 yili 50 yoshida vafot etgan ekan. Boz ustiga, dunyodagi birorta mamlakatda marhumlarga nafaqa to‘lanmaydi.
   —   Men haqiqatan ham o‘lgan edim, keyin tirildim, — deb iqror bo‘ldi Ornyuv. — Lekin, hozir men tirikman, axir! Mening o‘limimda ham, tirilishimda ham kimlarningdir qo‘li bor. Xo‘sh, mening aybim nima?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:31:32
   Shoxonov. Qiziq, butun dunyodagi qancha sadizm qurbonlari, qancha manqurtchilik va zombichilik qurbonlari nomidan o‘sha alamli hayqiriq yangradi ekan?
   Dekabr hodisalari bo‘yicha xususiy tergov olib borayotgan paytlarimda S. ismli fuqaro (fan nomzodi) ikki hamrohi bilan huzurimga keldi.
   —   Bu ish bo‘yicha qamoqqa olingan paytimda mening boshimga bitta apparatni mixlab qo‘yishdi. O’shandan so‘ng zombiga aylanib qoldim. O’sha sehrli qurilma vositasida xavfsizlik xizmati xodimlari meni tun bo‘yi azoblaydilar; har xil buyruq berishadi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishadi va mening o‘y-fikrlarimni yozib olishadi. Endi birdan-bir umidimiz Siz bilan O’ljas Sulaymonovdan. Bunday azob-uqubatlardan xalos qiling, — dedi yig‘lamsirab. So‘ng chakkasidagi o‘roqsimon tikilgan chokni ko‘rsatdi.
   KGB ixtiyorida odamlarni zombiga aylantirib qo‘yadigan maxsus apparat va uzoqlikdan boshqariladigan qurilma borligi to‘g‘risida ko‘p gap-so‘zlar yurgan bo‘lsa-da, lekin u paytlari buni isbotlashga hech qanday imkoniyatimiz yo‘q edi.
   Keyinchalik bir qator nufuzli nashrlarda ruhiyatga ta’sir o‘tkazadigan qurol ishlab chiqarish bilan mashg‘ul bo‘lgan va inson aql-idrokini boshqarishga mo‘ljallangan tadqiqotlar o‘tkazadigan maxsus-maxfiy markaz Moskvaning o‘zida borligi dalil-isbotlar bilan fosh etildi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:31:52
   Endi o‘quvchi savol berishi mumkin: manqurtlar va zombilar haqiqatan ham mavjud edimi? Yoki bular faqat odamlar orasida tarqalgan mish-mishlardan iborat shafqatsizlik ko‘rinishimi?
   Istisno emas, bu masalani ko‘ndalang qilib qo‘yadigan kishilar ham uchrab qolishi mumkin: «Agar bu gaplar rost bo‘lsa, texnologik jarayonni bosqichma-bosqich, batafsil tasvirlab, isbotlab bering!»
   Qadim zamonlarda odamni manqurtga aylantirib qo‘yish hodisasi haqiqatan bo‘lgan. Xudoga shukrki, bizning kunlarimizda bunday hodisa uchramaydi. Biroq, shak-shubhasiz iqror bo‘lmoq lozimki, manqurtlashtirish g‘oyasi yangilangan nusxa holatida hozir davlat ahamiyatiga molik masala sifatida yashab turibdi. Biz shu holatni o‘z suhbatimiz davomida qisqacha tasvirlab o‘tdik, xolos.
   Sir emaski, insoniyatning aql-idroki nafaqat shon-shuhratga, balki hech qachon o‘chmaydigan isnod orttirishga ham moyil bo‘ladi. Agar evolyutsion taraqqiyot qonunlariga amal qilinsa, tabiiy tanlash jarayonida Homo sapiens avloddan-avlodga yaxshilanib borishi kerak. Shunday deymiz-u, lekin sayyoramizda jinoyatchilik darajasi borgan sari o‘sib borayotganini qanday izohlash mumkin?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:33:06
   Aytmatov. Masalan, Iroqda o‘g‘rilik ustida ushlangan odamning qo‘li kesiladi. O’g‘riga jazo beriladi, boshqalarga ibrat bo‘ladi. Xo‘p, o‘g‘rining qo‘li kesiladi, u bir umr invalid bo‘lib qoladi va hech tuzalmaydigan ruhiy jarohatga uchraydi, lekin uning betamiz qiliqlariga chek qo‘yib bo‘larmikan? E’tirof etishlaricha, dunyoda qotillikning ikki yuzga yaqin turi bor ekan! Har birining asosida sadizm yotadi. Uning bitta shoxi — manqurtchilik Osiyoda unib chiqdi, boshqa shoxi — zombichilik Afrikada undi. Aytaylik, ilmiy-texnika inqilobi mevalaridan bahramand bo‘lgan birorta sadist-diktator alahsirab dunyoga hukmdor bo‘lishni xohlab qoladi va manqurtlar bilan zombilarni ommaviy qirg‘in quroli sifatida ishlab chiqara boshlaydi... Hatto xayolimizda ham bunday halokat ro‘y berishidan xudo saqlasin!
   Shoxonov. Tarixdan yaxshi ma’lumki, jamiyatda sadizmning kuchayib, milliy fojia darajasiga ko‘tarilib ketishiga ko‘pincha davlat tepasida o‘tirgan hukmdorlar sababchi bo‘ladi. Misol tariqasida qadimiy Rimdagi gladiatorlar (qullar) bellashuvini olib ko‘rishimiz mumkin: dastlab, birorta imperatorning motam marosimida o‘tkaziladigan qurolli raqiblarning musobaqasi keyinchalik butun Italiyada xalq o‘yinlariga aylanib ketadi.
   Eramizdan avvalgi III asrdan e’tiboran gladiatorlar bellashuvi uchun eng oxirgi texnika yutuqlari bilan jihozlangan maxsus maydonlar, inshootlar barpo etiladi. Dengizda musobaqa o‘tkazish uchun esa jangovar kemalar jihozlanadi, minglab qullarga, asirlarga qurol-yaroq beriladi. Suvoriylar, nayzabozlar, qilichbozlar bellashuvi ham jangovar «janr» sifatida rivojlanib, kundalik taomilga aylanib qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:34:08
   Imperatordan to gadoylargacha bo‘lgan ommaning muhabbatini qozongan, aql-idrokni, qalblarni rom etgan, katta-kichikni muxlisga aylantirib olgan qonli musobaqalar yildan-yilga qamrovini kengaytirib, vahshiylik darajasini va qurbonlar miqdorini oshirib boradi. Vasvasaning cheki-chegarasi ko‘rinmasdi. Aql-hushini yo‘qotib qo‘ygan imperator Kaligula gladiatorlar bellashuvini teatr tomoshasi deb bilardi va ayollarni, qariyalarni, hatto mayib-majruhlarni maydonga haydab chiqarardi. Klavdiy esa quruqlikdagi tomoshalar bilan qanoatlanmay, dengizda ham qir-pichoq tomoshalar uyushtiradi. Imperator Vitelliy o‘zining tug‘ilgan kuni munosabati bilan Rimning barcha 265 mavzesida gladiatorlar bellashuvi o‘tkazadi. Tit bo‘lsa, bunday qora tomoshani uzluksiz 100 kun davom ettiradi. Boz ustiga, Tit hukmronlik qilgan davrda «odamxo‘rlik ziyofati» ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan darajaga yetadi: 123 kun mobaynida o‘n ming nafar gladiator boshidan judo bo‘ladi. Jazavasi tutgan raqiblar bir-birining qorinlarini yorib tashlaydilar, qo‘llarini kesib oladilar, boshlarini sapchaday uzib yuboradilar.
   Yuz minglab tomoshabinlar ertadan-kechgacha maydonlarni tark etmaydi, g‘oliblarni tabriklaydilar, mag‘lublarni esa nimjon, takasaltang kimsalar sifatida kalaka qiladilar; g‘ala-g‘ovur ko‘tarishib, taassurotlari bilan o‘rtoklashadilar, huzur qilib xordiq chiqaradilar. Tinch-totuv yashayotgan xalq o‘z qoniga cho‘milib o‘tirsa va bundan huzur qilsa, xo‘sh, dunyoda battar bedodlik bormi? Afsuski, «Non bilan tomosha bering!» degan shior hali-beri o‘lmaydi.
   Rim xalqini qirg‘indan qutqarmoq mas’uliyati, dastlab, nasroniy dini zimmasiga tushadi. Imperator buyuk Konstantin nasroniylikni qabul qilgach, ibodatxona qo‘ng‘iroklari mamlakatga xushxabar taratadi. Odamlar diyonat va ezgulik tomon yuz buradilar. Bu hol faqat ixtiyoriy xohish-istak tufayli emas, balki majburiy ta’qiq natijasida ro‘y beradi: Iso payg‘ambarning ta’limoti bo‘yicha, har qanday zo‘ravonlik man etiladi, ta’limotga amal qilmagan murtadlar jazolanadi.
   404 yili Rimda eng oxirgi marta gladiatorlar bellashuvi bo‘ladi. Kichik Osiyodan kelib, tomoshabinlar safida o‘tirgan Telemax ismli rohib olishayotgan gladiatorlarni ajratib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Lekin, qasos olovi ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘ygan gladiatorlar begunoh rohibni qilich bilan chopib tashlaydilar. Ular faqat o‘limdan keyingina yarashamiz deb qasam ichgandilar. Bu holat tomoshani kuzatib o‘tirgan imperator Gonoriyaga juda qattiq ta’sir qiladi: u kelajakda gladiatorlar o‘yinini qat’iyan man etadi.
   Rimliklar qonli to‘qnashuvlardan forig‘ bo‘lganliklari uchun imperatordan emas, balki jafokash Telemaxdan minnatdor bo‘lishlari kerak!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:34:53
   Aytmatov. Bu voqeadan quyidagicha ibratli xulosa chiqarish mumkin: o‘zgalarning azobidan zarracha bo‘lsin huzur qiladigan kishi sustkash sadizm dardiga chalingan bo‘ladi. Demak, insonparvarlik va diniy targ‘ibot vositasi bilan o‘sha xavfli unsurni bartaraf etish masalasi hamon kun tartibida turibdi.
   Ispan korridasi hozirgi kunlarda ham millionlab tomoshabinlarni o‘ziga jalb etib kelayotir. Inson quturgan buqa qiyofasidagi ajal bilan yuzma-yuz olishib, tomosha ko‘rsatadi. Hatto shu darajaga yetadiki, korrida paytida agar butun Ispaniyada bo‘lmasa-da, ammo Madrid ko‘chalarida hayot to‘xtab qoladi. Biror sabab tufayli stadionga yetib borolmay qolgan kishi bo‘lsa, u televizor ekranidan o‘sha tomoshani ko‘z uzmasdan, miriqib ko‘radi.
   Shoxonov. Mutaxassislarning eng oxirgi tadqiqotlari achchiq haqiqatni isbotlab berdi: ko‘pchilik odamlar ichkilikbozlikka tarafdor ekan. Shunday bo‘lsa, nega ko‘pchilik piyonista bo‘lib qolmayapti? Ma’lum bo‘lishicha, bu masala odamning o‘ziga xos jismoniy xususiyatlarga, o‘zini-o‘zi nazorat qila olishiga, sabr-qanoatiga, an’analarga, muhitga bog‘liq ekan. Kundalik hayotimizda irkit jo‘ralarining ta’sirida ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan erkaklar fojiasini har kuni uchratib turamiz. Afsuski, keyingi paytlarda ayrim ayollar ham piyonista erlari bilan bu borada musobaqadosh bo‘lib qoldilar.
   Biz odamlar to‘g‘risida gapiryapmiz, lekin hatto o‘simliklar olamida ham «issiq suv» ishtiyoqmandlari borligini olimlar aniqlashdi. Tajriba o‘tkazish uchun ajratilgan paykallarga ekilgan o‘n tup o‘simlik oddiy suv bilan sug‘oriladi. Yana o‘n tup o‘simlik esa spirt aralashtirilgan suv bilan sug‘oriladi. Natija quyidagicha bo‘ladi: dastlabki o‘simliklar odatdagi mezonlarga mos ravishda voyaga yetadi, keyingi o‘simliklar esa novchaligi, yaproqlarining kattaligi bilan keskin ajralib ko‘rinadi. So‘ngra har ikki paykaldagi o‘simliklar oddiy suv bilan sug‘oriladi: «piyonista» o‘simliklar avvalgi ko‘rkamligini yo‘qotib, qovjirab qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:35:11
   Spirtli mahsulot qoldiqlarini surunkali ravishda iste’mol qilib yurib, batamom «alkash» bo‘lib qolgan cho‘chqalar, g‘ozlar, o‘rdaklar qay ahvolga tushib qolgani to‘g‘risida gazetalarda vaqti-vaqti bilan maqolalar e’lon qilinayotir.
   Bu narsalar yer yuzasida yashaydigan har qanday tirik mavjudotning o‘ziga xos «xurmacha qilig‘i» borligini anglatmaydimi?
   Sobiq SSSR hududida paydo bo‘lgan mustaqil respublikalarda keyingi yillarda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik 8-10 barobar, ayrim turlar bo‘yicha esa 14 barobar ortib ketdi. Zo‘ravonlik, shafqatsizlik targ‘ib qilinayotgan va uyatli sahnalarni maroq bilan ko‘rsatadigan xorijiy video mahsulotlarning bemalol uyimizga kirib kelishi natijasida qishloq va shahar ko‘chalarida ommaviy yovuzlik boshlanmadimi? Bu masalada qachongacha yuz-xotir qilish mumkin?
   Nazarimda, bugungi suhbatimizdan quyidagicha xulosa chiqarish lozim: har bir kishi ma’lum darajada sadizmga, mazoxizmga moyil bo‘ladi. O’sha unsurlar kimlardadir deyarli sezilmaydi, kimlardadir o‘rtacha bo‘ladi, kimlardadir sezilarli miqdorda bo‘ladi. Bu hol boshqa har qanday kasallikdan farq qilmaydi: zirapcha tirnab qo‘ygan a’zo keyinchalik shishib ketishi mumkin, tumov asorati natijasida inson halok bo‘lishi mumkin. Diniy amri ma’ruf bilan hamkorlikda olib boriladigan insoniy targ‘ibot va mehr-shafqatga chorlovchi tashviqot samarasi o‘laroq har qanday yuqumli kasallikning o‘chog‘i bartaraf etilishi hech gap emas. Bu o‘rinda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan doimiy g‘amxo‘rlik ham juda zarur. Ishqilib, inson qalbidagi hayvoniy tuyg‘ularni uyg‘otib yubormasak bas.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:35:57
   Aytmatov. Sovetlar davrida genetika ilmining o‘zi ichidan buzildi va ta’qibga uchradi. Genetika sohasida jonbozlik ko‘rsatib, samarali ishlayotgan olimlar qamoqqa olindi, surgun qilindi, yo‘qotilgan ilmiy asarlar unutildi.
   «Yevropa barcha iblislarning onasidir», deb yozgan edi bir paytlari K.Yung. Agar Yevropaga va umuman, G’arbga ijtimoiy va insoniy halokatlarning yetakchisi sifatida nazar solsak, biz uchun ibrat bo‘ladigan ko‘p voqealarga duch kelamiz.
   XX asrning birinchi yarmida Yevropa madaniyatining sinchikov namoyandalari «ommaviy inson», «olomonbop inson», «ijodkor inson», «faustiy inson» davri boshlanajagini karomat qildilar va xiyla qamrovdor talqin etilgan asil qadriyatlarning yo‘qolib ketajagini ko‘rsatib o‘tdilar.
   Ruhiyatshunoslik ilmi asosida insonning o‘zligini yo‘qotish hodisasi favqulodda teran talqin qilindi. Tahliliy ruhshunoslikning otasi hisoblanmish K.Yung: «Soppa-sog‘ insonning ruhiy qusurlari ijtimoiy va siyosiy sohalarga yorib kiradi hamda urush va inqilob kabi ommaviy talvasa ko‘rinishida namoyon bo‘ladi», deb yozadi. Shundan keyin «ko‘pchilik odamlar olomon shaklida birlashadi, jamoat a’zosi bo‘lgan odamning o‘sib-ulg‘ayib boradigan quvvati tushovni uzib, olomonning bir qismiga aylanmay turgan paytida har bir kishining qalbida uxlab yotgan vahshatlar, iblislar ozodlikka chiqadi. Olomonning ajralmas qismi sifatida ko‘pchilikka qo‘shilgan odam ongsiz ravishda axloqan va aqlan tubanlashadi. Shu darajada tubanlashadiki, u endi aql-idrok ostonasida turadi va doimo, har qanday daqiqada olomon tomonidan harakatga keltirilishi mumkin bo‘ladi...» Shunday qilib, «telba bilan olomon o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, chunki ikkovini ham qiyofasiz, mavhum kuchlar harakatga keltiradi; zotan, olomonning bir qismiga aylanib qolgan inson ruhiy jihatdan sog‘ emasdir».
   Jazavaga tushib qolgan olomon bilib-bilmay shafqatsizlik qiladi, zo‘rovonlik va buzg‘unchilik yo‘lida ommaviy qurbonlik keltiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:36:23
   Shoxonov. Hozirgi zamondagi inson ma’lum ma’noda jang maydonini eslatadi. Umuman, dolg‘ali zamonlarda, ijtimoiy silkinish paytlarida har doim qandaydir qonuniyat paydo bo‘ladi: jamiyatda qo‘qqisdan go‘yo hech narsa bilan asoslanmagan holda jinsiy faollik boshlanadi; ko‘pincha ehtirosga erk berib yuboriladi, sharm-hayo unutiladi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida an’anaviy oila va axloq inkor etilgach jinsiy o‘zboshimchalik ro‘y berganini, Frantsiyadagi yoshlar inqilobini, «xippi»larni, «jinsiy inqilob» shiori ostida bosh ko‘targan «bitnik»larni, «roker»larni, «natsi»larni va ularning qo‘pol shahvoniy harakatlarini eslab o‘tish kifoya bo‘lsa kerak.
   Bu voqealar bugungi davr inqirozga yuz tutganini ko‘rsatibgina qolmaydi, ayni paytda sayyoramiz qamrovida yangi tartib-qoidalar vujudga kelayotganidan ham guvohlik beradi. Bu silkinishlar inson olamiga yorib kirayotgan kuchli jarayonning aks sadolaridir.
   Aytmatov. Ezgulik salgina chekinsa — bas, uning o‘rniga darhol yovuzlik mustaxkamlanib oladi. Afsuski, biz uzoq vaqt bunga ahamiyat bermadik. Tirik inson yaratuvchilik va buzg‘unchilik, o‘ylab va o‘ylamasdan qilinadigan son-sanoqsiz harakatlar manbaidir. Insonning ichki olami nihoyatda murakkab va xavfli yo‘l-yo‘laklardan iborat. Lekin, nima bo‘lishidan qat’i nazar, qonxo‘rdan qonxo‘r tug‘ilishini, yovuz kimsadan yovuz kimsa tug‘ilishini, manqurtchilik va zombichilik vabosini ollindan bartaraf etish kerak. Bu jamiki insoniyatning muqaddds burchi hisoblanadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:37:29
   HOKIMIYAT VA MA’NAVIYAT
   YOKI
   PODSHOHLAR, XONLAR, QIROLLAR, PREZIDENTLAR
   FAOLIYATIGA BIR NAZAR

   Mamlakatni birlashtirib, jipslashtirib, ichki va tashqi siyosatini boshqarib, madaniyatni asrab va rivojlantirib, davlat qudratini oshirib va ayni chog‘da boshqaruv jilovini qo‘lda mahkam tutib turish nihoyatda murakkab va mas’uliyatli vazifadir. Bu vazifani bajarish har handay hukmdorning ham qo‘lidan kelavermaydi.

   Chingiz Aytmatov

   Faqat savob ishlargina emas,
   Balki insoniy gunohlar ham esdan chiqarilmasligi kerak.


   Muxtor Shoxonov
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:38:04
   Shoxonov. Yetmish yil mobaynida ikki yuzu ellik million xalqni yagona kommunistik mafkura ostida birlashtirib turgan Sovet Ittifoqi xuddi loy gupchakka o‘rnatilgan ulkan g‘ildirak misoli o‘z og‘irligini ko‘tara olmasdan qulab tushdi.
   Aytmatov. Shu bois bugun bizning oldimizda yangi vazifalar turibdi. Sobiq SSSR vayronalari o‘rnida Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan mustaqil respublikalarning o‘zaro aloqalari qaysi yo‘nalishlarda rivojlanib borishi kerak? Yangi hokimiyat va demokratiyaning chegarasi qanday bo‘ladi?
   Shoxonov. Ilgari markazdan oziqlanadigan va bir-birlariga «og‘alarcha» yordam ko‘rsatadigan sobiq Ittifoq respublikalari mustaqillikni qo‘lga kiritgach, iqtisodiy inqiroz iskanjasiga tushib qoldilar. Taqsimot va ta’minotning markazlashgan tizimi butunlay izdan chiqib ketdi, har bir mustaqil davlat o‘z imkoniyatlari darajasida hayot kechira boshladi. Afsuski, imkoniyatlar ham allaqachon safdan chiqib qolgan ekan. Tez orada talab va ehtiyoj o‘rtasida o‘taketgan qarama-qarshilik ro‘y berdi. Oddiy misol keltiraman. Kundalik turmushda ishlatiladigan mashinaning bitta murvati O’zbekistonda, ikkinchisi Ukrainada, uchinchisi Belorusda, to‘rtinchisi Rossiyada tayyorlanar ekan. Aytaylik, Qozog‘iston tuprog‘ida Mendeleev jadvalidagi barcha unsurlar bor. Shunga qaramasdan, o‘sha unsurlarni qayta ishlab, tayyor mahsulot chiqaradigan korxonalar nima uchundir boshqa respublikalarda qurilgan edi.
   Buni qanday tushunmoq kerak. Juda oddiy. Avval-boshdan uzoqni ko‘zlagan siyosiy hisob-kitob qilingan: agar birorta respublika birdan mustaqil bo‘lishni xohlab qolsa, bu xohish hech qachon amalga oshmasligi lozim edi. Biroq, vaqti-soati yetgach, o‘sha aloqalar uzilib ketdi. Xuddi inson tanasidagi qon tomirlari qirqib tashlanganday bo‘ldi. Natijada har bir mustaqil davlat misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarni boshidan kechirayotir. Mana shunday sharoitda bugun respublikalar birgalikda inqirozdan qutilib chiqish imkoniyatlarini qidirishyapti.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:38:22
   Aytmatov. Cherchill to‘g‘ri aytgan ekan, demokratiya qanchalik yomon bo‘lsa ham, insoniyat hozircha bundan yaxshirog‘ini o‘ylab topgani yuq! Juda g‘alati hol.
   Iqtisodiy munosabatlar o‘zgarishi barobarida bizning ma’naviy boyligimiz ham puturdan keta boshladi. Yashirib nima qildik, sovet hokimiyati yillarida san’at, adabiyotning har qanday turi partiya tashviqotining quroliga aylanib qolardi. Doimo bedor bo‘lgan tsenzura madaniyatni «sotsialistik realizm» qoliplarida saqlab turishga urinsa-da, lekin davlat nashriyotlari juda katta ishlarni amalga oshirardi, uzluksiz ravishda va o‘z vaqtida sifatli bosma mahsulotlar chiqarardi. Siyosiy homiylikdan mahrum etilgach, davlat ilgarigidek nashriyotlarni, gazeta-jurnallarni moliyaviy jihatdan ta’minlamay qo‘ydi.
   Bozor iqtisodi munosabatlarining mana shunday ayovsiz qonunlari bor.
   O’z mehnating bilan o‘zingni ta’minlay olmasang, tijorat akulasiga yem bo‘lasan. Shu bois kitob do‘konlarini, peshtaxtalarni, bozorlarni yaramas oldi-qochdi asarlar egallab yotibdi. Zo‘ravonlik, qotillik, talonchilik ruhi bilan sug‘orilgan bu asarlar, aslida, jinoyatchilikni takomillashtirish bo‘yicha o‘ziga xos qo‘llanma vazifasini bajarayapti.
   Bunday axloqsizlik uchun kim javob beradi? Javob berish ham, javobgarni topish ham juda mushkul. Chunki, biz mamlakatni demokratik taraqqiyot yo‘lidan boshqarib bormoqchimiz.
   Mayli, shunday bo‘lsin. Biroq, bizning jamiyatimizda birtalay demokratik erkinliklar noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Bemaza qovunning urug‘idek urchib ketgan arzon-garov adabiyotlar yosh avlodni shubhali an’analarga o‘rgatayotgan bo‘lsa, biz bunga qachongacha befarq qarab o‘tiramiz? Kelajak avlod oldida o‘tish davrining qiyinchiliklari shunaqa bo‘lar ekan deb, o‘zimizni oqlaymizmi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:39:23
   Shoxonov. E’tibor berdingizmi, biz milliy ta’lim-tarbiya tizimini bartaraf etishimiz bilan jamoatchilikning ruhiyatida salbiy o‘zgarish ro‘y berdi?
   Ilgari yoshlar yangi o‘qigan kitoblari bilan maqtanishardi. Hozir esa besh so‘m yoki tangani qanday qilib o‘nga aylantirgani to‘g‘risida bir-birlariga maqtanadilar va bu hol hech kimni hayron qoldirmaydi.
   Nachora, zamon o‘z hukmini o‘tkazadi. Hammasiga faqat yoshlar aybdor emas. Biroq, insonni inson qiladigan ma’naviy boylik o‘z ahamiyatiga ko‘ra, o‘ninchi, o‘n beshinchi, hatto yigirmanchi o‘ringa tushib qoldiki, bu hol kishiga alam qiladi.
   Bir hamyon pulni ma’naviy boylikdan ustun qo‘yadigan jamiyatning kelajagi zabundir.
   Yaqinda qiziq bir voqeani gapirib berishdi. Endi yigirma besh yoshga to‘lgan tijoratchi yigit tug‘ilgan kunini nishonlabdi. Mayli, puli ko‘p bo‘lsa, nishonlayversin. Lekin, u yigirma besh qavatli «Qozog‘iston» mehmonxonasining tomiga yarim kechada zambarak chiqartirib, o‘zining sharafiga yigirma besh marta «salyut» ottiribdi! Bu paytda Olmaota ahli shirin uyquda ekan...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:39:47
   Aytmatov. Hamma balo shundaki, dastlab, demokratiyani biz boshboshdoqlik deb tushundik. Bo‘lmasamchi, har kim o‘ziga xon, o‘ziga bek, har kim ko‘ngli tusagan ishni qiladi. Ko‘ngul esa nimalarni tusamaydi?! Xo‘sh, ko‘zimizni qoplagan yog‘ni artib, mundoq qarasak... nimalarni ko‘rdik? Yo‘q, birinchi navbatda demokratiya — qattiq tartib-intizom. U o‘ziga xos mezonlarga, chek-chegaraga ega bo‘lishi kerak.
   Sodda bir misol. Oila — davlatning mitti ko‘rinishi, birlamchi bo‘g‘ini. Unda ham boshliq bo‘ladi, o‘rinbosar bo‘ladi, oddiy ijrochilar bo‘ladi. Agar demokratiyani pesh qilib, kelin o‘z qaynonasiga gap qaytarsa, o‘g‘il esa o‘z onasiga o‘shqiraversa?! Madaniyatdan, ma’naviyatdan mosuvo bo‘lgan, tinch-totuvlik o‘rniga nifoq va musibat keltiradigan bunday «demokratiya» kimga kerak?!
   «Shod-xurramlik bilan g‘am-g‘ussaning orasi bir qadam», degan edi imperatorlik toj-taxtidan va hokimiyatdan mahrum etilib, so‘nggi kunlarini yashash uchun Muqaddas Yelena oroliga surgun qilingan Napoleon Bonapart. U alam bilan shunday deydi. Juda ko‘p tarixiy voqealar guvohlik beradiki, akl-idrok bilan harakat qilish lozim, qo‘lga kiritilgan yutuqlar asrab qolinishi darkor. Aks holda, demokratiya bilan boshboshdoqlikning orasi bir qadam, xolos.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:39:59
   Bugun biz poklanish va uyg‘onish yo‘lini tanladik. Xo‘sh, qayoqqa ketyapmiz, qaerga borishimiz mumkin? Bu narsani aniq bilishimiz lozim. Aflotun bunday deb yozgan edi: «Mutaassiblik qandaydir begona tuzumda emas, aynan demokratiya davrida vujudga keladi: boshqacha aytganda, cheksiz ozodlik oqibatida eng dahshatli, eng shafqatsiz qullik paydo bo‘ladi. Demokratiya pinhoniy kasallikni qo‘zitadi. Menimcha, takasaltang va isrofgarchilikka moyil ayrim toifadagi kishilarning paydo bo‘lishi kasallikning ilk nishonasidir. Ilgari biz ulardan pilik o‘rnida foydalanardik. Endi achimsiq tutun buruqsitib yotgan o‘sha piliklar nutq so‘zlaydilar, faoliyat ko‘rsatadilar. Boshqalar esa minbarga yaqinroq joyga surilib o‘tirmoqchi bo‘ladilar, ming‘irlaydilar va boshqacha fikr bildirmoqchi bo‘lgan odamga yo‘l bermaydilar. Oxir oqibat bo‘htonchilar tomonidan aldanganini payqab qolgan xalq yovuzlashib ketgani uchun emas, balki ko‘r-ko‘rona ravishda ularni o‘ldirmoqqa shaylanadiyu piliklar haqiqatan davlat tarafdori bo‘lib oladilar... Demak, shundan ham ko‘rinib turibdiki, agar mutaassib paydo bo‘lsa, u aynan mana shu zamindan o‘sib chiqadi, ya’ni u xalqning gumashtasi bo‘ladi... Favqulodda itoatgo‘y olomon o‘z qo‘lida ekanini bilgan mutaassib qabiladoshlarining qonini to‘kishdan o‘zini tiya oladimi? Aksincha, adolatsiz ayblar bilan odamlarni sud qiladi va birovning jonini olib, o‘zini murdor qilib qo‘yadi. Odamlarni quvg‘in qilib, dahshatli usulda qatl etishga hukm chiqarib, ayni chog‘da qarzlarni bekor qilish va yerni qayta taqsimlash to‘g‘risida shirin va’dalar beradi. Uning birinchi vazifasi — fuqaroni doimo qandaydir urushga jalb etib turishdan iborat bo‘ladi. Shunday qilsa: xalq bitta yo‘lboshchiga muxtojlik sezadi. Agar kimdir mustaqil fikr bildirganini yoki hokimiyatdan norozi ekanini payqab qolsa, unday kishini dushmanga sotildi degan bahonada darhol yo‘qotadi. Mutaassib ularning hammasini mahv etishi lozim. Oxirida qo‘lidan biror ish keladigan do‘stlaridan ham, dushmanlaridan ham hech kim tirik qolmaydi. U ich-ichidan yomon ko‘radigan razil olomon bilan og‘iz-burun o‘pishib yashashga yoki hayot bilan vidolashishga mahkum etilgan. Zevs nomi bilan qasam ichib aytamanki, xalq baribir qanday maxluqni dunyoga keltirganini, uni opichlab voyaga yetkazganini anglab yetadi».
   Tan olmoq lozim, bunday ogohlantirish ortiqchalik qilmaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:40:34
   Shoxonov. Sizningcha, hokimiyat bilan demokratiyaning o‘xshash va farqli jihatlari nimalardan iborat?
   Aytmatov. Obrazli tilda aytganda, xokimiyat — bu boltaning tig‘i, demokratiya — boltaning sopi. Lekin, hech qachon unutmaslik kerakki, bolta sopini xalq o‘zining qudratli qo‘llarida ushlab turadi. Shu bois boyagi ikki tushunchaga bir-biridan ajralgan holda qaramaslik lozim.
   O’zim guvoh bo‘lgan bir voqeani gapirib bermoqchiman.
   Bir oqshom Shirin qizim bunday deb qoldi:
   —   Dada, avtobusda kelayotib hamyonimni yo‘qotib qo‘ydim. Iltimos, jahlingiz chiqmasin.
   Men uni oz-moz pulini yo‘qotgani uchun koyimadim. Balki, ehtiyotsizligi uchun, asosiysi — o‘quvchilik guvohnomasini yo‘qotgani uchun unga tanbeh berdim. Endi o‘sha guvohnomani qaytadan rasmiylashtirish kerak edi. Oradan ikki-uch kun o‘tib, elchixonamizda telefon jiringladi. Lyuksemburg politsiyasidan bezovta qilishayotgan ekan. Trubkani olayotib: «Politsiyaning menda nima ishi bor ekan?» deb hayron bo‘ddim.
   —   Qizingiz hamyonini yo‘qotib qo‘ygan ekan. Topib olgan odam uni bizga keltirib berdi. Hamyonni olib ketishingiz kerak, — dedi politsiyachi.
   Politsiya mahkamasiga Shirinning o‘zini jo‘natdim. Hamyonni topib olgan odam pulni cho‘ntagiga urib, faqat hujjatni qoldirgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Qizim qaytib kelgan zahoti:
   —   Xo‘sh, hammasi joyidami? — deb so‘radim.
   —   Pul ham, hujjat ham joyida, — deb javob berdi u.
   Rostini aytsam, hayron qoddim. Ayni paytda nihoyatda xursand bo‘ldim. Har bir inson jamiyat oldidagi mas’uliyatini xuddi shunday his etmog‘i lozim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:40:48
   Shubhasizki, hamyonni topib olgan odam uni politsiyaga eltib bermasdan, cho‘ntagiga solib qo‘yganda ham birov o‘g‘rilikda ayblay olmasdi. Aslini olganda, hokimiyat tomonidan shakllantirilgan bunday halollik, mas’uliyat — demokratiyaning hayotdagi ko‘rinishi. Agar mana shu tizimning birorta murvati buzilsa, darhol boshqa bo‘g‘inlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ana shu ma’noda bizning jamiyatimizda hali pishiq-puxta hokimiyat ham, haqiqiy demokratiya ham o‘rnatilmagan ko‘rinadi. Chunki, yo‘qotilgan narsani egasiga qaytarish nari tursin, hatto qo‘lingdagi narsani o‘marib ketishlari hech gap emas.
   Masalan, bundan so‘ng qizim odamlar o‘ziga nisbatan mehr-oqibat ko‘rsatganini ko‘rgani uchun yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishga harakat qiladi. O’zini ham, bolalarini ham shu ruhda tarbiyalaydi. Eng asosiy narsani aniq bilmoq lozim: demokratiya — bu G’arb san’atida paydo bo‘lgan yengil-elpi oqimlarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish kerak degani emas; milliy an’analarimizga, urf-odatlarimizga yot bo‘lgan unsurlarni turmush tarzimizga olib kirish degani ham emas; bir qator musulmon mamlakatlarida hukmronlik qilayotgan har xil mutaassiblik g‘oyalariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish degan emas. Demokratiya — bu o‘zgarmas qonun va yaxshi fazilat.
   Shoxonov. Xalq iqtisodiy va ma’naviy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan bo‘lsa-da, lekin asta-sekin yangi ijtimoiy munosabatlarning jiddiy qonunlarini o‘rganib boryapti. Markaziy Osiyo respublikalari o‘tish davrining murakkab bosqichidan so‘ng G’arbga xos taraqqiyot yo‘lini tanlaydimi yoki Sharq mamlakatlariga o‘xshash yo‘ldan ketadimi? Ehtimol, o‘ziga xosligini saqlagan holda qandaydir boshqacha yo‘l tanlanar?
   Bugun bizning oldimizda mana shunday savollar ko‘ndalang bo‘lib turibdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:41:34
   Aytmatov. Demokratiya uchun hamma birdek javobgardir. Uning yukini prezidentdan tortib to jamiyatning har bir fuqarosi o‘z yelkasida ko‘tarib yurishi lozim. Xom xayollardan tezroq qutilish kerak. Demokratiya yo‘lini tanlaganimiz uchun osmondan oltin yog‘ishini kutib o‘tirmaylik.
   Ideal jamiyat qurishimizgacha hali uzoq. Bu g‘oyani aql-idrok va qalb bilan his etmoq lozim. Qachonki, hokimiyat mavjud imkoniyatlardan faqat o‘z manfaati yo‘lida emas, balki xalq manfaatlari yo‘lida ham foydalansa, shundagina demokratiya meva beradi. Shuning uchun, menimcha, hozir javobgarlik tuyg‘usi totalitar tuzum davridagiga nisbatan nihoyatda yuqori bo‘lishi kerak.
   Ba’zan kaminaga shunday tuyuladiki, o‘zlarini demokrat deb ataydigan ayrim kimsalar faqat o‘sha so‘zning jarangdor tovushiga mahliyo bo‘ladilar, xolos. Mohiyatni esa yaxshi tushunmaydilar.
   Shoxonov. To‘g‘ri aytasiz, Chike, biz hali demokratiyaga ko‘p yo‘l bosib yetishimiz kerak. Uning nima ekanini hech kim bilmaydi.
   Aytmatov. Nega hech kim bilmas ekan? Masalan, eramizdan avvalgi V asrda yashagan Perikl juda yaxshi bilgan. Uning xalq yig‘ilishida so‘zlagan mashhur nutqiga e’tibor berish kerak. Marhamat.
   «Bizning davlat tuzumimiz birovlarning muassasalariga taqlid emas. Balki, o‘zimiz boshqalar uchun namuna bo‘lishimiz mumkin. Bu tuzum demokratiya deb ataladi. Chunki, ozchilikning emas, ko‘pchilikning manfaatlariga asoslanadi. Xususiy manfaatlar uchun qonunlarimiz hammaga bir xil huquq beradi. Masalaning siyosiy ahamiyatiga kelsak, kimdir qandaydir partiya qo‘llab-quvvatlayotgani tufayli ustunlikka ega bo‘lmaydi, balki har kim o‘zining shijoatiga mos bo‘lgan o‘rinni egallaydi. Kambag‘alning past darajasi uni davlatga xizmat qilish imkoniyatidan mahrum etmaydi.
   Biz erkin siyosiy hayot quchog‘ida yashayapmiz. Kundalik turmushda bir-birimizga ishonchsizlik bildirmaymiz; agar kimdir o‘zi istagan tartibda harakat qilsa, biz bundan darg‘azab bo‘lmaymiz. Jamoat ishlarida biz eng avvalo qo‘rqqanimiz uchun qonunbuzarlikka yo‘l quymaymiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:42:31
   Hosilni yig‘ishtirib olganimizdan so‘ng har yili musobaqalar, qurbonlik bayramlari uyushtiramiz, tinch-totuv yashaymiz, g‘am-g‘ussa nimaligini bilmaymiz. Jonimiz huzur qiladi.
   Bundan tashqari, mamlakatimiz bepoyon bo‘lgani uchun  bizga har tomondan turli noz-ne’matlar oqib kelaveradi; biz o‘zimizning boyliklarimizdan ham, boshqa xalqlar ishlab chiqargan mahsulotlardan ham barobar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
   Biz tantiqlik qilmasdan go‘zallikni, injiqlik qilmasdan donolikni sevamiz. Biz maqtanib yurish uchun emas, balki faoliyat ko‘rsatish uchun boylikdan foydalanamiz. Qolaversa, kambag‘alligimizga iqror bo‘lishdan uyalmaymiz. Aksincha, mehnat qilib kambag‘allikdan qutilib ketmaganlar uyatli bo‘ladilar. Bitta shaxs oilasiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi va ayni chog‘da davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkin. Davlat ishlaridan bo‘yin tovlaydigan odamni manmansiragan, kallavaram deb hisoblaymiz.
   Biz o‘z faoliyatimizga o‘zimiz baho beramiz. Ayni chog‘da tanqidiy gap-so‘zlar bizga halaqit beryapti deb o‘ylamaymiz. Bizningcha, kengashmasdan qilingan ish ko‘proq zarar keltiradi. Boshqalar esa, aksincha, g‘aflat bosgan kishi jur’atli bo‘ladi, mulohazakor odam jur’atsiz bo‘ladi, deb o‘ylaydilar.
   Iqrormanki, bizning davlatimiz — Yunoniston maktabi. Nazarimda, har bir kishi faoliyatning turli sohalarida shaxsiy qobiliyatini to‘la-to‘kis namoyon qilishi mumkin».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:43:03
   Shoxonov. Hammasi to‘g‘ri. Lekin, ayni chog‘da «tili bilan yuradigan» kimsalarning ham kuni tug‘di! Ular demokratik qiyofaga kirib olishadi-da, prezidentni ham, boshqalarni ham ayovsiz ravishda balchiqqa qorishtirib tashlayveradilar. Ajabki, hech kim ularning mushugini pisht demaydi. Aksincha, kimlar uchundir bunday kimsalar malhamdek yoqadi; kaftlarini bir-biriga ishqalab, qarsak chaladilar.
   Nahotki, haqiqiy demokratiya faqat birovning kamchiliklarini, xatolarini topib, «gunohkor»ning ustiga mag‘zava to‘kishdangina iborat bo‘lsa?
   Davlat mustaqilligi va shaxs mustaqilligi bizni qayoqqa eltib tashlaydi? Qanday samaralarni qo‘lga kiritamiz? Qanday yakuniy tajribalarga erishamiz?
   Qirg‘izistondagi oxirgi parlament saylovi paytida nimalar ro‘y bermadi deysiz! Urug‘-aymoqlar, guruhbozlar o‘rtasida shafqatsiz kurash bo‘lmadimi? Hamma bir ildizdan tarqalganini unutib, ayirmachilik bilan mashg‘ul bo‘lmadimi? Odamlar bir-birlarini balchiqqa qormadilarmi? Hatto shu darajaga borib yetdiki, deputatlikka nomzod bo‘lgan bir kishi saylovchilarga tufli tarqatib chiqdi. Lekin, faqat bir poy tufli ekan!
   — Menga ovoz bersangiz, ikkinchi poy tuflini ham beraman! — dedi u. Saylovchilarning muhtojligidan shu yo‘sinda foydalandi.
   Nafsilambirini aytganda, boshqa nomzodlar ham undan qolishmadilar: pullarini ayamasdan sarflashdi. Aroq daryo bo‘lib oqdi. Kiyim-kechaklar, ayollarning ro‘mollari, ko‘ylaklari behisob tarqatildi. Go‘sht, un, pul «sovg‘a» qilindi. Aytmoqchi, saylovda «etikdo‘z» olg‘irning omadi kelmadi. U parlament a’zosi bo‘lol-may qoldi. Saylovning mana shunaqa qiziq tomonlari ham bo‘ladi!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:44:04
   Afsuski, «etikdo‘z»ga o‘xshagan ko‘pgina nomzodlar parlamentga a’zo bo‘lib olishdi. O’z qadrini bilgan odam kechagina qo‘l berib so‘rashishga ham or qiladigan muttahamlar, birpaslik foyda uchun otasini ham sotib ketishga tayyor turgan «nomzodlar» bugun ertakdagi shahzoda kabi boy-badavlat bo‘lib ketishdi. Mulkning umumiy xususiylashtirilishidan eng avval o‘shalar foyda ko‘rishdi. Endi oddiy odamlarning taqdiri o‘sha muttahamlarga qaram bo‘lib qoldi. Bunday hodisa to‘g‘risida gapirar ekanmiz, demokratiya bilan tanishuv jarayonida biz birinchi mag‘lubiyatga uchraganimizga iqror bo‘lmog‘imiz darkor.
   Qozoqlar o‘tmishda ikki yuzdan ortiq narsani ta’qiqlab qo‘ygandilar. Mana, o‘shalardan ba’zilari.

   O’zing suv ichadigan quduqqa tupurma!
   Nonning ustiga biror narsa qo‘yma va nonni tepmagin!
   Tuzni bosma!
   Uyga yayov yurib yaqinlashgin!
   Yoshi ulug‘ kishilarning yo‘lini kesib o‘tmagin!
   Ota-onangga qo‘pollik qilmagin!
   G’aribni kalaka qilmagin!
   Odamga tikilib qaramagin, unga orqangni o‘girmagin!
   Hayvonning boshiga urmagin!
   Bo‘sh beshikni tebratmagin!
   Uyda hushtak chalmagin!
   Bosh kiyimni oyoq ostiga tashlamagin!
   Marhumning uyidan chiqib, birovnikiga bormagin!
   Chumolining va qushlarning uyasini buzmagin!..
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:46:21
   Mana shunga o‘xshash ta’qiqlar xalqimizning o‘ziga xos milliy tabiatini, madaniyatimizni, adabiyotimizni, tilimizni va e’tiqodimizni ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrashga xizmat qilardi.
   Aslini olganda, yuqoridagi ta’qiqlar milliy mafkura vazifasini bajarardi. O’zim guvoh bo‘lgan ikkita voqea bir umr yodimda saqlanib qoldi.
   Gurjilarning yaxshi bir odati bor. Bu odat avloddan-avlodga o‘tib kelayotir va hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Qachondir, kimdir qizini kuyovga uzatsa, sepning asosiy qismi — Shota Rustavelining «Arslon terisini yopingan pahlavon» dostoni bo‘ladi. Hozir ham o‘sha doston mana shunday muhim ahamiyatga ega! Chunki, bu ona zaminni, uning farzandlarining shon-sharafini, jasoratini tarannum etgan buyuk asardir. Shu bois u har bir gurji oilasining bebaho boyligi hisoblanadi. Agar sep orasida «Arslon terisini yopingan pahlavon» bo‘lmasa, kelinning ota-onasiga qattiq tanbeh beriladi — sep chala hisoblanadi.
   Kanadada ko‘hna daraxtlar konkursi o‘tkazilib turiladi. Eng ko‘p yashagan daraxt medal bilan mukofotlanadi. Medal daraxtning o‘ziga taqib qo‘yiladi. Tabiatga nisbatan bunday mehr-oqibatni ko‘rib, beixtiyor inson bo‘lib tug‘ilganingdan g‘ururlanib ketasan.
   Boltiqbo‘yida har yili uzoq umr ko‘rgan daraxtlar qaytatdan ro‘yxatga olinadi. Bir safar Estoniyadagi Muxu orolida yogoch supa ustiga to‘nkarib qo‘yilgan qup-quruq, baliqchilarning yarmi chirigan behisob qayiqlarini ko‘rib nihoyatda ajablandim. Men buning sababini so‘radim. Shunday javob berdilar:
   — Bu qayiqlar yuz yildan ikki yuz yilgacha umr ko‘rgan. O’z vaqtida bu qayiqlar bizning bobolarimizga beminnat xizmat qilgan; oshiq-ma’shuqlarning uchrashuviga guvoh bo‘lgan, bolalarning voyaga yetkazishda yordam bergan, o‘z xalqiga sadoqat bilan ko‘maklashgan. Bobolarimiz bu qayiklardan faqat yaxshilik ko‘rganlar. Bularni unutib bo‘lmaydi.
   Xalq ota-bobolarining xotirasini muqaddas saqlasa, o‘tgan-ketganlarni mamnuniyat bilan yodga olsa, qanday yaxshi!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:47:56
   Aytmatov. Har xil tilda so‘zlashsa ham, har xil dinga e’tiqod qo‘ygan bo‘lsa ham insoniyat umumiy tutumlarni, asoslarni ko‘p asrlar davomida salmoqlab, tanlab oldi. Shunday emasmi? Xudoga beadad shukrlar bo‘lsinkim, xuddi shunday! Agar kimdir orziqib kutilgan ozodlikni qo‘lga kiritgach, boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish uchun axloqsizlikni, bachkanalikni targ‘ib qila boshlasa nima bo‘lardi?
   1993 yili menga Berlindagi xalqaro kinofestivalda jyuri a’zosi bo‘lib qatnashishni taklif qildilar. Festivalda butun dunyodan — Amerikadan, Ispaniyadan, Angliyadan kelgan kino va adabiyot namoyandalari ishtirok etdilar. Sobiq Sovet Ittifoqidan kaminani taklif etdilar.
   Jyuri a’zolarining fikrlari, qarashlari xilma-xil va qiziqarli edi. Boshqalarga ham foydali bo‘lsa kerak degan umidda umumiy ishga qo‘shilib ketdim. Bizning vazifamiz — festivalga tavsiya etilgan filmlarni tahlil qilishdan va baholashdan iborat edi. Biror filmning yutug‘ini qayd etishdan tashqari, kamchiligini ham ko‘rsatib berishimiz lozim. Eng yaxshi yangi kinolar namoyish etildi.
   Nihoyat, amerikalik bir rejissyorning kinoasariga navbat keldi. Hali ovoz berish boshlanmasdan burun jyuri a’zolari filmni maqtab, bir ovozdan, shu paytgacha ko‘rganlarimizning eng yaxshisi shu, deb ta’kidlay boshladilar. Film syujeti Kuba bilan bog‘liq edi. Dastlab o‘yladimki, yarim yalang‘och, och-nahor Kubaning fojiali taqdiri namoyish qilinsa kerak. Rostini aytsam, tezroq filmni tomosha qilishni istardim. Ma’lum bo‘lishicha, filmda ko‘tarilgan eng asosiy muammo — amerikalik bachchabozlarning (gomoseksualistlar) o‘z haq-huquqi va erkinligi uchun kurashini ko‘rsatishdan iborat ekan. Filmning qisqacha mazmuni bunday: Fidel Kastroga butun qalbi bilan sodiq bo‘lgan yoshgina partiya xodimi xizmat yuzasidan vatandoshi bilan uchrashadi. U bachchaboz bo‘lib chiqadi. Uning e’tiqodi va maylidan xabar topgan kastrochi-kommunist yangi do‘stidan yuz o‘girish o‘rniga, aksincha, barcha munosabatlarga sirdosh do‘st tutinadi. Oxir-oqibat o‘zining siyosiy e’tiqodidan ham voz kechib yuboradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:54:52
   Muhokama paytida jyurining mendan boshqa barcha a’zolari o‘sha filmni bir ovozdan ko‘klarga ko‘tarib maqtadilar:   «Ajoyib,  go‘zal!» deb  baholadilar.  Men yolg‘izlanib qoldim.
—Sizlarning fikr-mulohazalaringga qo‘shila olmayman. Boz ustiga, bu filmni zararli deb hisoblayman, — dedim o‘rnimdan turib. — To‘g‘ri, inkor etmayman, hayotda shunday voqea bulishi mumkin. Dunyoda nimalar bo‘lmaydi deysiz! Lekin, jazavasi tutgan insonning tuban, buzuq qiliqlarini ekranda ko‘rsatish, bachchabozni haqiqiy qahramon sifatida talqin etish, uni ilohiylashtirish — millionlab tomoshabinlarning axloqiy buzilishiga sabab bo‘ladi, odamlarni yomon yo‘lga boshlaydi.
—Hech kim, hatto prezident ham insonning haq-huquqlariga, erkinligiga g‘ov bo‘lolmaydi!
—Haqiqiy demokratiya shunaqa bo‘ladi. Qanday qilib Siz demokratiyaga qarshi chiqasiz?
   Xullas, jyurining boshqa a’zolari har tomondan menga tashlanib qolishdi.
   —   Men emas, balki o‘zlaring noraso g‘oyani targ‘ib qilib, odamlarning or-nomusiga, vijdoniga, insonlik sha’niga zo‘ravonlik bilan ta’sir o‘tkazyapsizlar. Biroq, nima bo‘lsa ham, ifloslik xech qachon erkinlik timsoli bo‘la olmaydi! Shak-shubhasizki, sizlarning axloqsiz qarorlaringga qarshi qo‘yiladigan vosita, yo‘llaringga g‘ov bo‘ladigan kuchlar ham mavjud.
   Rostini aytsam, men chinakamiga g‘azablanib ketdim. O’sha hodisadan so‘ng ko‘p o‘yladim. Hamma tomonni taroziga solib ko‘rdim. Balki, men hayotdan orqada qolayotgandirman? Yangi rusumlarni tushunmayotgan bo‘lsam-chi? Lekin, rusum — bu o‘tkinchi, o‘zgaruvchan hodisa-ku! Agar bugun rusum bizni bachchabozlik tomon boshlasa, ertaga qayoqqa ergashtirib ketadi? Oxir-oqibat, o‘sha xunasaning orqasidan yuraversak, biz inson bilan hayvonning farqiga bormay qolamiz-ku! Faqat milliy, xalqona ta’lim-tarbiya bilan ma’naviyat, ichki madaniyat payvand qilinsagina odamlarni har qanday pastkashlikdan, tubanlikdan asrab qolish mumkin. Xuddi sohira kabi asraydi. Agar insonga cheksiz ozodlik berilsa, hatto u axloqdan ham ozod qilinsa, dunyoqarashi va axloqi shakllanib ulgurmagan hozirgi yoshlar asrlar davomida to‘plangan milliy qadriyatlarga tupurib, ananalar va urf-odatlardan yuz o‘girib, markiz de Sad tarannum etgan tuban, hayvoniy ehtiroslarning quliga aylanib qolmaydilarmi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:57:07
   Bilmadim, kaminaning qat’iy e’tirozim ta’sir etdimi, har holda, o‘sha filmga Bosh sovrinni bermadilar. Shunga qaramasdan, sovrinli o‘rinlardan biri berildi.
   Eng qizig‘i shundaki, keyinchalik o‘sha film Nyu-Yorkdagi   kinofestivalga   tavsiya   qilindi-yu   «Oskar»ni oldi!
   Ishonchim komilki, tushunchalar soxtasi bilan almashtirilsa, axloq bilan axloqsizlikning farqi qolmasa, qadriyatlar qadrsizlansa, hozirgi taraqqiyotni ich-ichidan kemirayotgan qusurlar yo‘qolmaydi.
   Shoxonov. Kunlarning birida biz oqsoqol yozuvchimiz G’abiddin Mustafin bilan G’abit Musrepovning uyiga ketayotgandik. Qarasak, kuppa-kunduzi ostonada yigit bilan qiz o‘pishib turishibdi. Boz ustiga, qozoklar ekan. Balki, bizni ko‘rishib uyalishsa kerak deb o‘yladik. Go‘rdami! Yanada battar bir-biriga yopishib, yalashib-yulqasha boshladilar.
   Shunda G’abiddin yerga qaradiyu: «Qozonning qopqog‘i tushib ketsa, it uyaladi», dedi qovog‘ini osiltirib. Buyuk tatar shoiri Muso Jalilning (iloyim, joyi jannatda bo‘lsin!) bitta ajoyib she’ri bor: bir kuni qiz uyiga kechroq qaytadi, darvoza esa ichkaridan tambalab qo‘yilgan bo‘ladi. U darvozadan oshib hovliga tushadi, lekin ehtiyotsizlik oqibatida ko‘ylagini yirtib oladi va buni o‘zi sezmaydi. Shu holatda ertalab ishga shoshilib ketadi. Uning ahvolini ko‘rgan hamqishloq qizlar, yangi rusum paydo bo‘libdi, deb o‘ylashadi va ko‘ylaklarini yirtib qo‘yadilar.
   Chike, nazarimda, aholining arzimas qismi, bor-yo‘g‘i 5-8 foizi (qaniydi, xato qilayotgan bo‘lsam!) o‘zining aql-farosati, o‘z g‘oyasi bilan yashaydi, xolos. Qolganlar esa hech o‘ylab-netib o‘tirmasdan birovdan bir narsani, boshqadan boshqa narsani o‘zlashtirib oladilar. O’sha narsa mos tushadimi-yo‘qmi, bu haqda bosh qotirmaydilar. Oyog‘i yerdan uzilgan kimsalar milliy va umuminsoniy madaniyatni o‘zlashtirib olishga ojizlik qiladilar. Ular hayvonot bog‘idagi maymunga o‘xshab ko‘r-ko‘rona taqlid qilishni biladilar, xolos. Ma’nan qashshoq kimsalar shunday bo‘ladilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 16:58:36
   Aytmatov. Muxtor, afsuski, shunday. Ayni chog‘da faqat milliy mafkuraga yopishib olish ham yaxshilikka eltmaydi. Milliy madaniyatni butun insoniyat to‘plagan ma’naviy boylik bilan to‘yintirib borish kerakligini bir daqiqa ham esdan chiqarmaslik lozim. Kelajakda madaniyatlar o‘zaro chatishib, bir-birini boyitishi kerak. Qisqasi, hozir har xil qarashlar, nuqtai nazarlar yagona o‘zanga birlasha olmayapti. Shu bois davlat miqyosida madaniylashtirish dasturi ishlab chiqarilishi zarur. Bu jabhaga yirik faylasuflar, ma’naviyat sohasining namoyandalari, olimlar, madaniyat arboblari, yozuvchilar jalb etilmog‘i lozim.
    O’zing boya aytib o‘tding, har qanday madaniyatda ta’qiqlangan narsalar bo‘ladi. Taqiq — bu svetoforning qizil chirog‘i emas, balki boshqa yo‘nalishdagi ko‘k chiroqdir; bu ezgulik bilan yovuzlik, yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi chegaradir. Ko‘r-ko‘rona taqlidchilik, madaniy-axloqiy ta’qiqlarni nazar-pisand etmaslik, kalondimog‘lik bilan o‘zinikidan yuz o‘girib, o‘zgalarning usti yaltiroq, ichi qaltiroq nimarsalari ketidan yugurib yurish hollari, afsuski, hozirgi o‘tish davrining xususiyatlaridir. Avstraliyada ham, Olmoniyada ham, Belgiyada ham, Lyuksemburgda ham va boshqa Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida ham xuddi shunday o‘tish davri bo‘lgan. Mayli, hozir u yerlarda ko‘chalar shampun bilan yuvilayotgan bo‘lsa, bu hol madaniyatning ko‘rsatkichi bo‘lolmaydi. Axir, o‘sha taraqqiy etgan davlatlar an’anaviy mezonlarga, qadriyatlarga bejiz qaytmayaptilar. Masalan, «sevgi erkinligi», «jinsiy inqilob» kabi ijtimoiy hodisalar, oqimlar o‘sha mamlakatlarda asta-sekin so‘nib borayotir. Biroq, o‘sha ko‘chki endi bizni bosyapti... O’ylaymanki, bu kulfatni boshimizdan kechirishimiz majburiy bo‘lsa-da, lekin o‘tkinchidir. Uni boshdan kechirib, voyaga yetmoq lozim. Faqat insoniy uyg‘unlik haqiqatdir, oqilonadir.
   Men Lyuksemburg ko‘chalarida: «Biz qanday bo‘lsak, shunday qolishni istaymiz!» degan ulkan shiorlarni ko‘rganman. Ya’ni bobolarimiz qanday bo‘lgan bo‘lsalar, biz ham o‘shanday bo‘lmoqchimiz. Sirtdan jo‘ngina ko‘ringan bu so‘zlarning ma’nosi teran.   Yevropadagi mo‘‘jazgina bu mamlakat Frantsiya, Olmoniya, Gollandiya kabi nihoyatda taraqqiy etgan davlatlar qurshovida joylashgan. Boyagi shior esa har bir lyuksemburglik uchun ogohlantirish belgisidir: qo‘shnilarga ko‘r-ko‘rona ergashavermanglar; ona tilingizni, madaniyatingizni, adabiyotingizni, musiqangizni, san’atingizni ko‘z qorachig‘iday asrangiz, o‘z o‘tmishingizni-tomiringizni unutmangiz!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:01:30
   Shoxonov. Iqtisod rivojlanyaptimi yoki inqirozga yuz tutdimi, madaniyat gullab-yashnayaptimi yoki ichidan zil ketdimi, siyosat urushga olib boradimi yoki mamlakatda tinchlik hukm suradimi, xullas, bularning hammasi davlat boshlig‘iga bog‘liq.
   Agar 1789 yildan beri AKShda 41 nafar prezident kelib-ketgan bo‘lsa, xo‘sh, nima uchun shu paytgacha J. Vashington bilan Ruzvelt aholi o‘rtasida juda katta obro‘-e’tiborga ega? Birinchisi — mustamlakachilik oqibatida titig‘i chiqib ketgan viloyatlarni birlashtirib, yagona davlat tuzdi, yangi millatni shakllantirdi, yangi ko‘rinishdagi davlat tizimini yaratdi. Ikkinchisi — bir asrdan so‘ng, iqtisodiy inqirozga botib ketgan AQShni halokatdan qutqarib qoldi, fashizmni yanchib tashlash borasida qat’iyatini ko‘rsatdi. Shunday fazilatlari, faoliyatlari uchun ular o‘z fuqarosi orasida ham, butun dunyoda ham hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldilar.
   Buyuk Britaniyadan yetishib chiqqan ajoyib zotlar o‘rtasida Uinston Cherchill bilan o‘z davlatining manfaatlari yo‘lida xormay-tolmay xizmat qilgan Margaret Tetcher alohida nufuzga ega. Aytmoqchi, M. Tetcher «temir xonim» deb nom chiqargandi.
   Kamol posho — Otaturkning ham Turkiya tarixida munosib o‘rni bor. Turg‘ut O’zolning yorqin xotirasini unutib bo‘ladimi? Qishloq xo‘jaligiga asoslangan Turkiya misli ko‘rilmagan soliqlar yukidan o‘nkillab qolgan paytda Turg‘ut O’zol qat’iy islohot tomon yuz burdi va o‘z mamlakatini muqarrar iqtisodiy inqirozdan asrab qoldi.
   Kommunizm balosiga giriftor bo‘lgan Xitoy esa «madaniy inqilob» rahnamosi bo‘lmish Mao Szedun bilan birgalikda haqli ravishda jinoyatchilik, yovuzlik balchig‘iga botib ketdi.
   Hukmdorlar tomonidan qilingan savobli ishlar ham, gunohlar ham havoga uchib ketmaydi. Hammasi mamlakat tarixida iz qoldiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:03:18
   Aytmatov. Sen juda dolzarb, o‘tkir muammoni — shaxsning tarixdagi o‘rni muammosini ko‘tarding.
   Shoxonov. Suhbatimiz arafasida Nikkolo Makiavellining «Hukmdor» kitobini yana bir marta qaytatdan ko‘zdan kechirib chiqdim. Imperatorlar, podsholar, qirollar, sultonlar to‘rt asrdan buyon o‘z faoliyatlarini o‘sha falsafiy risola bilan taqqoslab ko‘radilar. Mutaassiblar ham istisno emas. Ma’lumki, Makiavellining «vasiyatlari bilan pand-nasihatlari»ni Stalin ham suv qilib ichib yuborgan edi. Hukmdorlar bu risolani o‘z aql-idrokiga, tabiatiga va mamlakatining urf-odatlariga, an’analariga monand ravishda ayricha talqin qilganlar.
   «Hukmdor»ning muallifi, hukmdor xalqni ikki xil usulda boshqaradi, deb e’tirof etadi.
   Birinchisi — qonun bilan, ikkinchisi — kuch bilan. Birinchisi insonga xos xususiyat, ikkinchisi esa yirtqich hayvonga xosdir. Mamlakatda tartib o‘rnatishni istasang, boshqaruvning har ikki usulidan foydalanmog‘ing darkor. Oqil kishilarni hurmat qilishni o‘rgan, qonunlarga rioya qilgin; itoatsiz kishilarga nisbatan kuch ishlatgin. Boshqa yo‘li yo‘q.
   O’z ichingda vahshatli arslon bilan hiylakor tulkining boshini qovushtirgin. Birinchisi tashqi dushman bilan kurash chog‘ida, ikkinchisi ichki dushman bilan kurash chog‘ida kerak bo‘ladi.
   Qo‘rquvda ushlab turib, hiyla ishlatgin. Hiyla ishlatib, qo‘rquvda ushlab turgin. Faqat shundagina boshqaruv jilovini qo‘lingda mahkam tutib turasan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:04:16
   Aytmatov. Asrlar bo‘ylab, ijtimoiy tuzumlar bo‘ylab turli davlatlarda har xil hukmdorlar ketma-ket o‘tdilar. Agar hukmdor o‘limidan keyin ham hurmat-e’tiborini yo‘qotmasa, demak, u tirik paytida adolatli bo‘lgan, haqiqatparvar bo‘lgan, mehr-shafqati va ochiq ko‘ngilliligi bilan nom chiqargan. Boshqacha bo‘lsa, xalq uni mutaassib deb ataydi. Shu bois bir vaqtlar «demokratiyaning otasi» bo‘lmish Periklga aytilgan gapni hech qachon unutmaslik kerak: «Esingda bo‘lsin, Perikl, sen afinaliklarni — ozod kishilarni boshqaryapsan. Bunday kishilarni boshqarayotgan paytingda ular qarshisida qo‘rquvdan ham, hasaddan ham, manfaatparastlikdan ham, manmanlikdan ham xoli bo‘lishing lozim».
   Shoxonov. Siz fazilatlarni sanab o‘tdingiz. Bunda har qanday hukmdorning yaxshi tomonlari xuddi ko‘zgudagidek aks etadi. «Hukmdor» risolasida davlat boshlig‘ini xarob qiladigan beshta salbiy xususiyat ko‘rsatiladi. Mana, ular: beqarorlik, mulohazasizlik, qo‘pollik, uquvsizlik, to‘g‘ri qaror qabul qilishga ojizlik. Agar mana shu salbiy xususiyatlardan birortasi bo‘lsa, barcha fuqaro doimo seni aldaydilar, kalaka qiladilar, laqillatib yuradilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:04:54
   Aytmatov. Sharqning bir qator faylasuflarining asarlarini o‘qib, quyidagicha umumiy xulosaga keldim. Davlat boshliqlari o‘z xususiyatlariga ko‘ra, uch turga bo‘linadilar.
   Ularning birinchisiga barcha fazilatlar Xudo tomonidan beriladi. Bunday hukmdorlar uzoq vaqt davr suradilar; o‘z mamlakatiga, o‘z xalqiga faqat foyda keltiradilar.
   Ikkinchisi — o‘z ishlarida boshqalarga taqlid qiladilar. Ularning ko‘pchiligi hiylakor va makkor bo‘ladilar. Jamiyatni tag-tubi bilan o‘zgartirib yuboradigan yangiliklarga qodir emas. Odatda, eskilikni saqlab, mustahkamlab qolishga harakat qiladilar.
   Uchinchisi — o‘zlari hech narsani bilmaydilar, boshqalardan ham hech narsani o‘rganmaydilar. Tasodif tufayli davlat boshqaruvi jilovini qo‘lga oladilar va tez orada hokimiyatdan ajraydilar. Har qanday ishni baqir-chaqir bilan hal etmoqchi bo‘ladilar. Bahs-munozarani esa urush yo‘li bilan hal etmoqqa urinadilar. Xalqni qirg‘inga duchor etib, mamlakat boyligini havoga sovuradilar.
   Shoxonov. Juda aniq ta’rif berilibdi! Aslida, odamlar ham xuddi shunday uch guruhga bo‘linadi. Hayotiy tajriba shunaqa. Lekin, hokimiyat yaxshi fazilatlarni ilojining boricha ko‘kartirmaydi, yomon xususiyatlarni esa yashnatib yuboradi.
   Aytmatov. Agar hokimiyat bilan xalq o‘rtasida ishonchsizlik, nafrat paydo bo‘lsa, ularni murosaga keltirish mushkul.  Misol uchun Olmoniyani olib ko‘raylik. U o‘z tarixi mobaynida qanchadan-qancha ulug‘ musiqachilarni, yozuvchilarni, olimlarni, san’at arboblarini dunyoga berdi. Biroq, hokimiyat tepasiga bitta yefreytor keldiyu asrlar davomida tirnoqlab to‘plagan barcha ma’naviy boyligidan bir pasda judo buldi-qoldi. Mehnatkash olmon xalqi u paytlari zinhor-bazinhor ro‘shnolik ko‘rmadi, aksincha, xonavayron buldi.
   Shoxonov. Donishmand Narshaxiy bunday deb yozgan edi: «Agar xalqing qora non yeb o‘tirgan bulsa, sen ham qora non tanovul qilishing kerak. Agar u asal yeb o‘tirsa, sen ham asal yeysan. Lekin, xalq qora non yeb o‘tirgan paytda sen asal iste’mol qilsang, o‘sha zahoti ishonchni yo‘qotasan. Chunki, o‘z nomingga dog‘ tushirasan. Oqibatda, hokimiyatdan ajralasan».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:05:37
   Aytmatov. Menimcha, hokimiyatning ikki xil ko‘rinishi bo‘ladi. Birinchisi — xalqqa xizmat qiladi; ikkinchisi — istisnosiz shaxsiy va o‘z tarafdorlarining manfaatlariga xizmat qiladi. Birinchisi nihoyatda teran mas’uliyat, halollik natijasida paydo bo‘lsa, ikkinchisi yebto‘ymas xudbinlik va axloqsizlik oqibatida paydo bo‘ladi.
   Sir emas, hokimiyat bor joyda uning uchun kurash ketadi. Biroq, nima bo‘lganda ham, umumiy manfaat hech qachon mustabid hokimiyat tomonidan oyoq osti qilinmasligi kerak.
   Shoxonov. Esimda yo‘q, qayoqdan oldim ekan (aftidan, qadimiy faylasuflardan bo‘lsa kerak), yon daftarchamga quyidagi so‘zlarni ko‘chirib qo‘yganman: «O’z atrofiga xushomadgo‘y, laganbardorlarni to‘plab olgan hukmdorning sho‘ri quriydi. Chunki, laganbardorlar senga hamd-sano o‘qishdan o‘zini tiya olmaydilar. Tez orada o‘sha shirin-shakar so‘zlarning quliga aylanib qolasan. Ziyraklikdan, ehtiyotkorlikdan mahrum bo‘lasan. Ko‘nikma hosil qilganingdan so‘ng har kuni shirin so‘z eshitishga ishtiyoqmand bo‘lib turasan.
   Bularning hammasi o‘zingni ilohiylashtirish bilan tugaydi. O’zing o‘zingga tillodan haykal o‘rnatasan. Birorta laganbardor esa haykalni oftob urmasligi uchun tepadan soyabon tutib turadi. Bu hol seni xursand qilib yuboradi va unga xalq xazinasidan mukofot tayinlaysan.
   O’z xalqingni butunlay esingdan chiqarasan. Ko‘zing oqib tushganday kambag‘allar bilan g‘ariblarni mutlaqo ko‘rmaysan. Xotinlaring, bola-chaqalaring uchun marmardan qasrlar qurdirasan. Albatta, ularning ulug‘vorligi ham laganbardorlar nazaridan chetda qolmaydi».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:06:54
   Aytmatov. Sharq shoiri juda to‘g‘ri aytgan:
   
   Taxtga yaqin bo‘lsa qul hamda yaltoq,
   Bunday mamlakatga ofat kerakmas.
   Egam siylagan shoir-chi, biroq
   Yerga boqar, so‘z aytishga yaramas.

   
   Vaqti-soati kelib, ayrim hukmdorlarning boshida qora bulut to‘planadi, qora kunlar boshlanadi. Lekin, shunday paytlari yon-atrofida kechagi laganbardorlardan birortasi ham qolmaydi. Hukmdor odamlarning ko‘zlariga tik qarashga botinmaydi, sharmandayu sharmisor bo‘ladi va mamlakatni tashlab qochishdan boshqa iloj topolmaydi.
   Shoxonov. Xuddi shunday tarzda mamlakatni tashlab qochgan bitta turk sultoniga bag‘ishlangan she’rimni o‘qib beraman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:07:43
   Mana, turk sultonnn harami —
   Xorazmdan,
   Hirot, Parijdan,
   Yunon yurti Peloponesdan,
   Hatto hokim Taroziyning
   Bobolari o‘tgan shahar
   Tarozdan keltirilgan
   Mingdan ortiq go‘zallar
   yashaydi bunda.
   Ular anor donasiday
   To‘rt devor ortida
   eziladi, o‘z holicha qonaydi...
   Baxtiqaro cho‘ri xotinlar
   bichilgan qullardan o‘zga
   ko‘rmagan erkak zotini.
   Haramning sirtu botinida
   hukmdordir sultonning ruhi.
   Yaltiratib shohlik choponin,
   Sarxush boqib atrof-jonibga
   gohida sayr etsa sulton
   iltijoli tiz cho‘kib so‘rar:
   «Yo, Ollohim, o‘zing ber madad!
   O’zing dalda ber, Ollohim!
   Nigohini o‘zimga qarat!»
   Ayol-da, ishga solar hiyla, makrini,
   zabt etmoq chun sulton nigohin.
   Birovga kuladi bevafo taqdir,
   birovning kuydirib bag‘rin.
   Bog‘da-chi, saroy bog‘ida,
   o‘ynaydi,
   sakraydi,
   yig‘laydi,
   kular,
   janjal qilar,
   bir tomchi suvday
   sultonga o‘xshash yuzlab bolalar.
   Vaqt yetib, taxtidan
   sulton quladi...
   Pufakday yorildi
   hoyu havaslar.
   Buni qarang, darbadarlikda
   sultonni saqlar o‘limdan
   noma’lum ayol!
   Sulton so‘rar:
—Qaydadir ko‘rganman, yuz-chehrang tanish.
Kanizagim bo‘lmagin tag‘in?
—Afsuslarkim, xuddi shunday,
asir bo‘lgan ko‘ngul xushiga
   ming qurbonning biriman, — deya ayol
   boqdi sulton ko‘ziga.
   O’yin ekan dunyoning ishi:
   osonlikcha necha davlatni
   tiz cho‘ktirgan Sizday ulug‘ zot,
   ayol ko‘nglin ololmay, hayhot,
   zabt etdingiz quruq savlatni.
   Muhabbat bo‘linmas,
   chopilmas,
   sotilmas tuyg‘u!
   Uni go‘shtday bo‘lmas maydalab.
   Agar-chi, turibman Sizga qo‘l cho‘zib,
   bilib qo‘ying — sevganimdanmas,
   rahmim kelganidan.
   Bir ko‘ngulni etsang nurafshon
   senikidir butun shu olam!
   Ochko‘zlik etadi benomu nishon,
   Sizni soldi shu ko‘yga harom.
   Istanbulda yodga oldik,
   tiriklarga to‘zg‘oq misol
   saboq bo‘lgan sultonni.
   Ha, xotira nafaqat
   savob ishlarni,
   balki, saqlar gunohlarni ham!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:09:34
   Aytmatov. Hukmdorlarning gunohi hech qachon unutilmaydi. Bu xotira o‘chmas ma’naviy ibratdir.
   Aytmoqchi, boyagi she’r bilan Mahmud Koshg‘ariyning ushbu so‘zlari hamohang ekan: «Agar hukmdor begona yurtda o‘ziga saroy qurdirgan bo‘lsa, bu xosiyatsizlik belgisi. Demak, u og‘ir kunlarda juftakni rostlab qolish uchun o‘ziga boshpana hozirlayapti. O’z xalqiga nisbatan sotqinlik qilajak. Oddiy xalq hech qayoqqa qocha olmaydi. U faqat o‘z tuprog‘iga bosh egadi, xolos. Agar sen hukmdor bo‘lsang ham, lekin o‘z xalqingdan ortiq joying yo‘q. Xalq bilan bitta tuproqda tug‘ilgansan. Demak, shu yerda o‘lmog‘ing lozim».
   Bu donishmandlik belgisi. Bu so‘zlar hammaga ibrat bo‘lishi kerak.
   Shoxonov. Juda ko‘p tuzumlar, hukmdorlar uchun qamchi bo‘ladigan yana bitta topib aytilgan gap bor. Hukmdor saroyiga qadam ranjida qilgan bitta donishmand quyidagi vasiyatnomani yozib qoldiradi: «Davlat xazinasi — bu xalq boyligi. Uni qo‘li qadoq xalq halol peshona teri bilan ishlab topgan. Hukmdor bu xazinaning kalitini har tomonlama sinovdan o‘tkazilgan odamga ehtiyotkorlik bilan topshirishi kerak. Qaerdaki, tillo va kumush bo‘lsa, o‘sha yerda o‘g‘rilik ro‘y beradi. O’g‘rini qo‘lga tushirsang, darhol fosh qilgin. Agar fosh etmasang, demak, o‘zing ham o‘g‘risan».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:10:30
   Aytmatov. Oqil, tajribali hukmdorlar hech qachon o‘zlarining qarindoshlarini, yaqinlarini vazir lavozimiga tayinlamas edilar. Chunki, bilardilarki, ular bir kun kelib davlat ishlarini oilaviy ishlar bilan chalkashtirib yuborishlari mumkin edi. Keyin ular bilan qattiq turib hisob-kitob qilish mushkul bo‘ladi. Agar ko‘ngilchanlik qilinsa, boshqa vazirlar ham tushovni uzib ketishlari mumkin.
   Misr. Fir’avnlar davri... Olamdagi yetti mo‘‘jizaning bittasi barqaror bo‘lgan makon. Hayratlanarli tarzda bir-birining ustiga qalashtirib qo‘yilgan ehromlar ko‘kka bo‘y chuzib bulutlar va Abadiyat bilan musobaqalashadilar. Ha, eramizdan avval ham mislsiz qudrati bilan nom chiqargan hukmdorlar o‘tgan. Men uchun nihoyatda olis tuyulgan o‘sha zamonlar negadir qiziq tuyuladi. Hokimiyat odobi nuqtai nazaridan qaralsa, bag‘oyat ibratlidir. Hukmdorning qudrati miqdor bilan o‘lchanardi: qullarning soni va kuch-quvvati asosiy mezon edi. «Yer va osmondagi bor mavjudot unga nazar solishga botinmaydi», deb fir’avnlar ilohiylashtiriladi. Qudratining timsoli shunday. Butun insoniyatdan shu jihati bilan farqlanib turadi. Hammaning va har bir kishining e’tiqodi bo‘yicha, fir’avnlar avlodi bevosita xudoga borib taqalar emish (eramizdan avvalgi davrlarda mana shunday dunyoqarash juda ommaviy tus olgan edi). Shu bois fir’avnning dafn marosimi nihoyatda dabdabali bo‘lardi: marhum bilan birga uning xotinlari, cho‘rilari, qarollari hamda taxt o‘rnatilgan ulug‘vor aravasi, jangovar asbob-anjomlari, oziq-ovqatlar, buyumlar ham qo‘shib ko‘milar edi. Tirik paytida mafkurani, siyosatni, iqtisodni, urush va tinchlikni o‘z qo‘lida mahkam ushlab turgan hukmdor narigi dunyoda ham aynan shunaqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi. O’sha davrga xos bo‘lgan marosim qandaydir majozga o‘xshaydi: insonga insoniy, hokimiyatga esa hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘ladilar. Arslonning o‘ligi ham tirik itdan afzal bo‘ladi. Bu hol ko‘ngulni buzib yuboradi va ayni chog‘da kishini g‘amga botiradi: har tarafda sanamlar, faqat sanamlar...
   Qohira yaqinida Xeops, Mikrin, Xefrenlarning ulug‘vor ehromlari bor. Minglab qullar qanday qilib quruq qo‘l bilan zil-zambil, azamat toshtaxtalarni qush uchsa qanoti tegadigan balandlikka ko‘tarib chiqqanlarini, bir santimetr ham xato qilmasdan, nihoyatda aniqlik bilan bir-birining ustiga qalashtirganini, ehromlarning to‘rt tarafini o‘q izidek aniq o‘lchab qo‘yganini aslo tasavvur etib bo‘lmaydi. Hayratlanib turganimni ko‘rgan badaviy kulumsirab: Hozirgi kashfiyotlarning hammasi o‘tmishdan qolgan kashfiyotlar. Janob, biz faqat o‘tgan-ketganlar izidan boryapmiz, — dedi.
   Savodsiz chol haq gapni aytganiga ich-ichimdan iqror bo‘ldim. Yer va osmon o‘rtasida paydo bo‘lgan ehromlar vaqt deb atalmish qudratli kuchga ham itoat etmaydi. Shu boisdan ham eramizdan avval yashagan arab hukmdorlarining hayoti biz uchun yechib bo‘lmas jumboqqa o‘xshab tuyulaveradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:11:19
   Shoxonov. 1974 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Xeops ehromlari qurilishida maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan to‘rt ming nafar qul ishtirok etgan ekan. Ular yigirma yil mobaynida nazoratchilarning qamchisi ostida azamat inshootni bunyodga keltirganlar. Gerodotning guvohlik berishicha, bu ulug‘vor ehromlar qurilishiga vaqti-vaqti bilan yuz ming nafar odam jalb qilinardi.
   O’rta Osiyo bo‘ylab sayohat qilgan arab faylasufi al-Idrisiy: «agar hukmdorning xotini boshqaruvga aralashsa, qulni xotinining ham tili qichiydi», deb yozgan edi.
   Aytmatov. Hokimiyat bor joyda doimo hasad olovi gurkurab yonaveradi. Hokimiyat — yuksak martabaga eltadigan yo‘l. Ba’zan u sarob kabi yaqin ko‘rinadi. Biroq, hokimiyat nihoyatda mas’uliyatli va ayni chog‘da xavflidir. Shuning uchun mas’uliyatliki, qo‘lingda ish bor, odamlar bor, ularning farovonligi va qashshoqligi, quvonch-tashvishlari senga bog‘liq. Xavfli tomoni shundaki, hokimiyat cho‘qqisiga ko‘tarilib borganing sari dushmanlaring ham ko‘payib boraveradi; ular rahbarning har bir qadamini, har bir so‘zini o‘lchab yuradilar. Shu bois ijtimoiy-axloqiy tajribalarning qaymog‘i sifatida qadimdan avlodlarga quyidagi pand-nasihatlar qolgan: «Qachonki, hukmdor o‘z atrofiga xalqdan chiqqan munosib, jasur, oqil kishilarni jalb etsa, hurmat-e’tibor qozonadi. Agar ulardan qo‘rqib, barchasini quvg‘in qilsa, o‘zi o‘ziga qudratli dushmanlarni tilab olgan bo‘ladi. Yoningda mingta ahmoqni ushlab o‘tirgandan ko‘ra, bitta aqli donishni saqlab turganing afzal».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:11:55
   Shoxonov. Hokimiyat qonunchilik namunasidir. Turkiy xalklar tarixida har doim alohida mavqega ega bo‘lgan zotlar — bu hokimbiylar. Ular qaror qabul qilsalar, oldindan hozirlab qo‘yilgan fitna yoki tarafkashlik to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Aytmoqchi, hozirgi O’zbekistonning Toshkent viloyatiga qarashli Angren vodiysida Kultepa kentida joylashgan Tovkexon qarorgohida — Xonobodda juda katta kengash chaqiriladi. O’sha kengashda nufuzli hokimbiylar tomonidan qozoqlarning «Jeti jarg‘i» deb nomlangan qonun-tuzuklari qabul qilinadi.
   Xalq orasida o‘sha kengashdan keyin bunday ibora paydo bo‘lgan: «Xudoning bergan kuni Kultepada kengash bo‘ladi». Kengashda qozoqlardan To‘la biy, Qozibek biy, Oyteke biy, qirg‘izlardan Ko‘kim biy, qoraqalpoqlardan Sassiq biy, Edigey biy ishtirok etganlar. Unda quyidagi masalalar muhokama etiladi: o‘z yurtimizni, o‘z xalqimizni tashqi dushmandan qanday himoya qilamiz? El-elatlarning birligini qanday qilib asrab qolish mumkin? Ota-bobolar vasiyatiga netib amal qilamiz? Kundalik «tashqi siyosat» qanday bo‘ladi? Kelajakni munosib qarshi olishimiz mumkinmi? Tarixiy qurultoy qatnashchilari mana shunday masalalar yuzasidan kengashadilar. Nazarimda, qozoq xalqini birlashtirish g‘oyasi xuddi o‘sha yerdan boshlanadi, yagona davlat barpo etish dasturi ishlab chiqiladi. Uchta juz urug‘ining oqsoqollari — donishmand To‘la biy, notiq Qozibek biy, mushohadakor Oyteke biy o‘z zimmalaridagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etadilar. Ular ajralmas do‘st edilar. Xalq o‘rtasida juda katta nufuzga ega bo‘ladilar. Xalq taqdirini hal qiladigan masalalarni birgalikda hal etadilar. Quvonchli kunlarning ham, musibatli kunlarning ham xalq bilan birga baham ko‘radilar. Ocharchilik, urush-janjal ro‘y bergan yillarda xalq qavatini tark etmaydilar. Ularning yorqin xotirasi unutilsa, ko‘p narsani yo‘qotamiz. Chunki, ular qilni qirq yoradigan donishmand edilar.     
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:12:28
   Aytmatov. Ha, ular o‘z so‘zining orqasidan xalqni ergashtirib ketishga qodir bo‘lgan ulug‘ zotlar edi. Ularning noyob qobiliyati xalqning jon tomiriga tutashib ketgandi.
   Tarixni esga olaylik. Notiqlik san’ati barcha xalqlar o‘rtasida, hamma zamonlarda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Misrda, Yunonistonda, Rimda doimo usta notiqlarning musobaqasi o‘tkaziladi. Bu jabhada o‘ziga xos an’analar paydo bo‘ladi, notiqlik san’atidan ta’lim beradigan maktablar vujudga keladi. U paytlari har qanday haqiqat, xalqning xohish-irodasi, muhim qarorlar buyuk notiqlar tomonidan e’lon qilinardi. Yunoncha «orator» so‘zi allaqachon hamma tushunadigan atamaga aylanib ketgan. Misrda «orator» boshqacha nom bilan atalgan bo‘lsa-da, mohiyat o‘zgarmaydi. Hozirgi zamonda bu so‘z hammada ko‘nikma hosil qilgan, o‘ziga xos salmoqqa ega. Qisqasi, keyinchalik butun insoniyatning boyligiga aylanib qolgan demokratiyaga ilk bor tamal toshini qo‘ygan zotlar oratorlardir. Bu borada ular juda katta xizmat ko‘rsatganlar.
   Agar esingda bo‘lsa, o‘lmas Plutarx merosining bir qismi mashhuri olam Demosfen bilan Sitseronga bag‘ishlangan. «Ular ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshardilar, — deb yozgandi bir zamonlar muarrix. — Faqat axloq-odobi bilan emas, dunyoqarashi, suddan mustaqilligi, so‘zlash usuli va tovushi bilan ham bir-biridan farq qilmasdi. Oddiy xalq orasidan chiqib, xalq o‘rtasida bunchalik shon-shuhrat qozongan boshqa notiqlarni topib bo‘lmaydi».
   Ana endi doim bir-birlaridan ajralmay yuradigan qozoq oqsoqollari — To‘la biyni, Qozibek biyni, Oyteke biyni eslab ko‘rgin! Yunonlardan chiqqan Demosfen va Sitseron kabi ular ham umr bo‘yi haqiqatni himoya qiladilar, fahm-farosatlari, kuch-qudratlari bilan mutaassiblarga, hukmdorlarning adolatsizligiga qarshi kurashadilar.
   Aytmoqchi, umr bo‘yi nohaq xo‘rlangan kishilarni oqlash bilan shug‘ullangan Demosfen bo‘lajak sudning ahamiyatini da’vogarning tovushi past-balandligiga qarab baholar edi.
   Kunlarning birida uning huzuriga bitta afinalik kishi kelib, bitta shaharlik kimsa haqorat qilib, kaltaklaganidan shikoyat qiladi. Demosfen pinak buzmasdan:
   —   Sen hech qanday zarar ko‘rmagansan, — deydi.
—Qanday qilib zarar ko‘rmas ekanman! — deb qichqirib yuboradi da’vogar.
—Ana! Endi kaltaklangan, taqdiridan noliyotgan odamning ovozini eshitdim. Sudda men seni himoya qilaman, — deydi Demosfen.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:12:46
   Shoxonov. Otasi rus, onasi qozoq ayoli bo‘lgan mashhur notiq, advokat Plevako qat’iyatli, murosasiz va ayni paytda juda mehribon inson edi. Uning hayotiy solnomasi yaqindagina batafsil oshkor qilindi. Uning notiqligi, jasurligi to‘g‘risida hikoya qiladigan bitta voqea bor.
   G’aribgina,  kambag‘al kampir bozorda paqir ug‘irlaydi.  Paqirning bahosi bor-yo‘g‘i besh tiyin ekan. Buyumning egasi o‘g‘rini ushlab, sudga sudrab boradi. Qashshoq  kampirning  puli  ham,   qarindosh-urug‘lari ham yo‘qligiga amin bo‘lgan sud xodimlari qonun moddalarini  ko‘zdan  kechirishib,  o‘g‘rining  mol-mulkini musodara etib, o‘zini bir necha yilga surgun qilish to‘g‘risida hukm  chiqaradilar.   Bunday  kampirni  kim ham himoya qilardi. Lekin, shov-shuv qulog‘iga chalinib qolgan  Plevako  to‘ppa-to‘g‘ri  sud  majlisi   ketayotgan zalga yetib boradi. Qarasa, javobgarlikka mahkum etilayotgan kampir bir burchakda yig‘lab turibdi. Sud xodimlari esa qoshlarini chimirgancha nafrat bilan kampirni jinoyatchilikda ayblashardi. Shunda Plevako o‘rtaga chiqib, taxminan, bunday deydi:
   — Bizning mamlakatimizni qadim zamonlardan beri har qanday bekorchi odam talon-taroj qilayotir. Lekin, ko‘ngli keng Rossiya hammaning gunohidan kechib yubordi. Port-Arturda dengizchi sarkardalarning no‘noqligi oqibatida yaponlardan qaqshatgich mag‘lubiyatga uchradik, lekin ko‘ngli keng Rossiya imperiyasi ularning gunohidan kechdi! Ayni paytda u bozordan bahosi besh tiyin turadigan paqirni o‘g‘irlagan g‘arib kampirning gunohidan kechmoqchi emas. Bu yerda Rossiyaga xos bo‘lgan mehribonlik, olijanoblik yetishmayapti.
   Bu so‘zlarni eshitishib, sud xodimlari shu tobda yer yorilsayu ostiga kirib ketishga ham rozi bo‘lib qoladilar. Oxiri kampirni oqlab yuboradilar. .
   Notiqlik san’atining kuchi shunda yaqqol ko‘rinadi. Asrlar davomida notiqlar hukmdorlarga beminnat xizmat qilganlar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:13:02
   Yashirib nima qildik, mutaassib sho‘ro tuzumi davrida biz so‘zomollik san’atini unutdik, avloddan-avlodga o‘tib kelgan noyob an’analarni yo‘qotib qo‘ydik. Xalq dahosidan, an’analardan, ma’naviy tajribalardan yuz o‘girdik. Endi bo‘lsa, bunday ahvolda uzoqqa borib bo‘lmasligini bilib, boshimizni changallab o‘tiribmiz!
   Keyingi ikki-uch yil orasida Asqar Aqaevning tashabbusi bilan Qirg‘izistonning chekka qishloqlarida oqsoqollar sudi tashkil etildi. Shubhasiz, agar kelajakda Markaziy Osiyo respublikalarida oqsoqollar va biylar sudiga yetarlicha e’tibor berilsa, bundan hammaga foyda bo‘ladi. Balki, qadimiy an’analarimizni o‘rgatadigan maxsus maktablar tashkil etilishi mumkindir?
   Dolg‘ali o‘zgarish davrini boshidan kechirayotgan mamlakatlarimizda hozir jinoyatchilik avj olib ketdi. Og‘ir jinoyat qilgan kimsalar qilmishiga yarasha jazosini tortishi kerak. Biroq, arzimas ayb qilib qo‘ygan kishini ham qamoqqa keltirib tiqaversak, nimaga erishamiz? Axir, arzimas aybi uchun ikki-uch yil qamoqda yotib chiqqan navqiron yigit u yoqda ashaddiy jinoyatchilarning qo‘liga tushib, insoniy qiyofasidan mahrum bo‘lib chiqayotganiga o‘zimiz ko‘p marta guvoh buldik-ku?! Bunday sharoitda nima qilish kerakligini, qanday jazo tayinlash lozimligini ovul-qishloq joylarida hurmat-e’tiborli oqsoqollardan, biylardan iborat sud hay’ati va keng jamoatchilik hal etmog‘i maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunday bo‘lsa, bir tomondan, arzimas jinoyat qilib qo‘ygan odam uyaltirilib, vijdoni uyg‘otilishi, ya’ni tarbiyalanishi mumkin. Ikkinchidan, xalqda ajoyib maqol bor: «Onasi tepib olsa ham toychoqning joni og‘rimaydi».
   Konfutsiy bu haqda shunday deydi: «hukmdor, agar sen birovni jazolamoqchi bo‘lsang, ota-bobolar vasiyatini unutmagan holda hukm chiqargin. Shundagina boshqalar ham adolatli hukm chiqarganingga ishonadilar va sa’y-harakatlaringni qo‘llab-quvvatlaydilar».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:14:17
   Aytmatov. Inson nima uchun yer yuzasida hokimiyatsiz yashay olmaydi? Ibtidoiy jamoat tuzumidan to hozirgi zamongacha bo‘lgan insoniyatning taraqqiyot bosqichlarda hokimiyat zaruriy zinapoya vazifasini bajarganmi?
   Hayot doimo shaxslar bilan jamiyatning, hukmdor bilan xalqning o‘zaro aloqasidan iborat bo‘lgan. Bu ikki toifa o‘rtasidagi murakkab va qarama-qarshi munosabatlar hech qachon tarix sahnasidan tushib ketmagan.
   Shoxonov. Chike, masalan, mening o‘zim siyosatdan uzoq odamlardan bittasiman. Lekin tan olmog‘im lozimki, Qozog‘istonda demokratik harakatga rahbarlik qilgan paytlarimda kimlardir mening qiyofamda prezident timsolini ko‘rmoqchi bo‘ldilar. Esimda, yirik gazetalarning birida chop etilgan suhbatimda bunday degan edim: «Agar menga birorta kolxozga rahbarlik qilishni topshirsalar bormi, shak-shubha yo‘qki, ikki oyda kolxozni xonavayron qilaman». Haqiqatan ham hokimiyat jilovini qo‘lga olishga qodir bo‘lgan, yetarlicha bilimga, tajribaga, shaxsiy fazilatlarga ega, nihoyat, ruhiy jihatdan shunga tayyor odamlar juda kam. Ba’zan so‘zi bilan ham, amali bilan ham bu ishga mutlaqo yaroqsiz bo‘lgan kishilarning prezidentlik lavozimiga intilishlarini ko‘rib, hayron qolasan kishi. Naql qilishlaricha, kunlardan bir kun cho‘pondan:
—Agar kutilmaganda qirol bo‘lib qolsang nima qilarding? — deb so‘rabdilar.
—Agar qirol bo‘lib qolsam, ot minib yurib mol boqardim! — deb javob beribdi u mug‘ombirlik qilmasdan.
   Cho‘pon o‘z tabiatiga, fahm-farosatiga monand ravishda javob qaytaradi. Haq gapni aytadi.
   Mutlaqo tasodif tufayli hokimiyat tepasiga kelib qolgan kimsalarning kasofati urib, yuz-yuz million begunoh odamlarning yostig‘i bevaqt quriganini tarix hali unutgani yo‘q. Chike, keling, yana tarixga qaytamiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:15:06
   Goloshchekin davrida (1925—1933) qozoq dashtlarining boshiga misli ko‘rilmagan qora kunlar yog‘ildi. Bag‘oyat shafqatsiz, ma’naviy jihatdan qashshoq bo‘lgan murtad hokimiyat jilovini qo‘lga olgan zahoti o‘zicha kashfiyot yaratdi: «Ie, bepoyon Qozog‘iston respublikasida sho‘raviy tuzum o‘rnatilmabdi-ku!»
   U respublikaga rahbarlik qilgan sakkiz yil mobaynida ertadan-kechgacha minbardan tushmasdi; qozoq ovullari qanday hayot kechirayotgani bilan aslo qiziqmasdi. Hatto shunchaki tomosha uchun ham biror marta ovullarga chiqib ko‘rmaydi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini «mahalliy» hayotning bilimdoni deb bilardi. Goloshechkin, Oktyabr to‘ntarishi qozoq ovullarini chetlab o‘tgan, deb hisoblardi. Demak, itoatsiz qozoqlarga hozir kim hukmronlik qilayotganini ko‘rsatib qo‘yish kerak. Shunday qilib, u ketma-ket «adab darslari»ni uyushtiradi. Albatta, bunday «darslar» qurbonsiz bo‘lmasdi. Goloshchekin rahbarlik qilgan davrda respublika aholisining soni halokatli darajada kamayib ketadi. Milliy ziyolilarning juda katta qismi «bo‘yintovlovchilar» deb e’lon qilinadi va qayta tarbiyalashga nomunosib shaxslar sifatida mahv etiladi.
   Stalinning «sotsializm mustahkamlanib borgani sari sinfiy kurash ham keskinlashaveradi» degan ko‘rsatmasi asosida amalga oshirilgan Goloshchekin siyosati natijasida xalq shafqatsizlik bilan quvg‘in qilindi, qatli omga uchradi, misli ko‘rilmagan ocharchilikka yo‘liqdi.
   Butun boshli xalqni qirib yuborishga mo‘ljallangan tadbir «kulaklarni tugatish» bahonasida boshlanadi: boylarning mol-mulki musodara qilinadi, xalq cheksiz miqdorda soliq to‘lashga mahkum etiladi. Qozog‘istonda yetti yuzdan ortiq boy xo‘jalik va ellik mingta o‘rtahol xo‘jalik borligi qayd etiladi va ularning hammasi xonavayron qilinadi. Xo‘jalik egalarining bir qismi otib o‘ldiriladi, yana bir qismi qamoqlarga tashlanadi, bir qismi esa Rossiyaning Tuman, Qo‘rg‘on, Astraxon, Irkutsk viloyatlariga surgunga jo‘natiladi. Ko‘pchilik qozoqlar Xitoyga, Eronga, Hindistonga, Turkiyaga bosh olib ketadilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:15:20
   Musodara natijasida bir-ikkita mol-qo‘yga, oz-moz yerga ega bo‘lgan kambag‘allar «sovpedlar» in’om etgan xayr-ehsonlardan foydalana olmaydilar. Chunki, ataylab ocharchilikni kuchaytirish uchun o‘ylab topilgan cheksiz soliqlar aholini ocharchilik uyushtirib turish «katta siyosat»ning asil maqsadiga aylanib qoladi.
   Qadim zamonlardan buyon chorvadorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan qozoqlardan soliq sifatida qishloq xo‘jalik mahsulotlarni talab qilishardi. Dehqonlardan esa, aksincha, go‘sht topshirishni talab etishardi. Chorvadorlar o‘z mol-qo‘ylarini bug‘doyga almashtirishadi, dehqonlar esa o‘z bug‘doylarini mol-qo‘ylarga almashtirardilar. Natijada ikkovi ham hech vaqosiz qolishardi. Hukmron tabaqa qilmishi uchun hech qanday javobgarlikka tortilmasligini bilgach, xuddi mast tuyalarday ko‘ngliga kelgan noma’qulchiligini qilishaveradi. Kundan-kunga soliq turlari ortib boraveradi va nihoyat, o‘n oltitaga yetadi!
   Yana bir ajablanadigan tomoni shundaki, xalqning erkinlik ruhiga zid o‘laroq, sho‘raviylarning umumiy tenglik mafkurasi bilan qurollangan kimsalar «chiqitlar»ni ham soliq sifatida davlatga topshirish kerak degan uydirmani o‘ylab topadilar. Endi  otlarning eskirgan taqasini, o‘lgan otlarning dumlarini, itning, eshakning, hatto ilonning po‘stini, latta-puttalarni, suyaklarni, shoxlarni, tuyoqlarni ham davlatga topshirish kerak edi.  Oxir-oqibat, o‘sha xildagi soliqni o‘z vaqtida to‘lashga qodir bo‘lmagan odamlar qo‘rasida turgan  bir-ikkita molini  so‘yib, «chiqit»ni topshirishga majbur bo‘lardi.
   Eng dahshatlisi shundaki, do‘q-po‘pisalar bilan to‘plagan o‘sha «chiqit» bir joyga jamlanardi-da yoqib yuborilardi!
   Mana shunday jinoyatlar tufayli Qozog‘istonda 1929 yilda qirq million bosh qo‘ydan oradan to‘rt yil o‘tgach, bor-yo‘g‘i to‘rt million bosh qoladi. O’n barobar yo‘qotish bo‘ladi. Goloshchekin rahbarlik qilgan sakkiz yil davomida to‘rt million yuz ming nafar qozoqlardan ikki million ikki yuz nafari qirib yuboriladi. Ocharchilik ham, aslida, shu maqsadda uyushtirilgandi.
   Rossiya imperiyasining eng oxirgi podshosi Nikolay II va uning oila a’zolarining faol qotillaridan biri bo‘lgan Goloshchekin qozoq xalqi boshiga misli ko‘rilmagan kulfat keltiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:15:35
   Bu qattol hukmdorning o‘ziga munosib o‘rinbosarlari ham bor edi. O’shalardan biri bo‘lmish Qozog‘iston Markaziy Ijroqo‘mining raisi Yeltoy Yernazarovni eslatib o‘tish mumkin.
   Qozog‘istonning o‘sha yillardagi poytaxti Orenburg shahrida respublika Markaziy Ijroqo‘mining raisini saylashga bag‘ishlangan qurultoy bo‘ladi. Ish bevosita saylov masalasiga borib taqalgach, ikki guruh bir-biri bilan hokimiyat uchun kurash boshlaydi. Lekin, bir-birini yengib o‘tolmaydi. Shunda kimdir bunday taklifni kiritadi:
   — O’rtoqlar, biz kambag‘allardan iborat Sho‘ro hukumatini tuzdik. Anavi Yeltoy kambag‘al. Ustiga-ustak, g‘irt savodsiz. Demak, u har taraflama bizga to‘g‘ri keladi. Menimcha, rais lavozimiga undan ko‘ra munosibroq nomzod bo‘lmasa kerak.
   Bir burchakka tiqilib o‘tirgancha mudrayotgan Yernazarov birdan hushyor tortadi. Qanday qilib bo‘lsada bir-birini hokimiyat tepasiga chiqarmaslik uchun kurashayotgan muxolif guruhlar bir ovozdan Yernazarov nomzodini qo‘llab-quvvatlaydilar.
   Aytishlaricha, bir kuni Yernazarov Olmaota poezdida Qizil O’rdaga ketayotgan ekan. Ocharchilikdan, o‘lponlardan va boshqa musibatlardan sillasi qurigan Chimkent xalqi bu yangilikdan xabar topadiyu yoppasiga vokzal tomon yuguradi. Yeltoyni salkam podsho deb o‘ylaydilar. Odamlar orasida uning qarindosh-urug‘lari, tanish-bilishlari ham bo‘ladi. Xullas, xalq undan yordam so‘ramoqni istaydi. Dastlab, Yeltoy xalq bilan uchrashuvga rozilik bildiradi. Ammo, vokzal tomon guras-guras kelayotgan olomonga ko‘zi tushib, yuragi taka-puka bo‘lib ketadi va faqat vagon tamburida turib xalq bilan gaplashishga zo‘rga ko‘nadi.
   Mindi-mindi bo‘lib ketgan xalq:
   —   Yeltoy taqsir, och qoldik! — deb qichqiradi.
   —   Ochimizdan o‘lyapmiz, mehr-shafqatingizni darig‘ tutmang! Yordam bering!
   Shunda muloyim tortib qolgan Yeltoy suvsar telpagini qo‘liga olib:
   —   O’rtoqlar! — deb qichqiradi. Taqsir-boshliq o‘z yurtdoshlaridan mehr-shafqatini darig‘ tutmasa kerak deb o‘ylagan xalq nafasini ichiga yutadi. — O’rtoqlar! — deydi u yana bir marta. — O’rtoqlar, reja, reja, reja! — deb uch marta takrorlaydiyu g‘oyib bo‘ladi. Tambur eshigi orqasidan qattiq yopiladi.
   Kulfatdan sillasi qurigan yurtdoshlariga, qarindosh-urug‘lariga, tanish-bilishlariga ikki og‘iz iliq so‘z aytib, aholining ko‘nglini ko‘tarib qo‘yishga qodir bo‘lmagan kimsa boshqalarga mehr-shafqat ko‘rsata olarmidi!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:15:48
   O’sha Yernazarovga aloqador yana bir voqeani eshitganman.
   Siz bilan Toshkentdan qaytib kelayotgan chog‘imiz mening birodarim bo‘lmish Janaboy Salimboevning akardagi tug‘ishgan singlisining uyida bir piyola choy ichib ketmoqchi bo‘ldik. O’sha yigitning otasining ismi Toshboy, bobosi esa Salimboy oqsoqol edi. Salimboy ota 96 yoshga kirib vafot etdi. Xullas, Yeltoy Yernazarov yalangoyoq yurgan paytlarda Salimboy oqsoqol unga ko‘p yaxshiliklar qiladi. Non-tuz bergan, pand-nasihatini ayamagan. Yeltoy Markazqo‘m raisi etib saylangach, tuman partiya qo‘mitasining kotibi Toshboyni huzuriga chorlaydi-da:
   —   O’zimizning Yeltoyga samimiy salomimizni yetkazasiz, — deydi. — Bundan tashqari, qo‘shni tumanda traktor bor, bizda yo‘q. Yerni shudgor qila olmayapmiz,
qiynalib ketdik. Bu yerlar Yeltoyning otayurti; ayting, bizga ham bitta traktor ajratib bersin.
   Toshboy to‘ppa-to‘g‘ri Markazqo‘m raisining uyiga boradi. Uy bekasi uni ochiq chehra bilan qarshi oladi. Birpas gaplashib o‘tiradilar. Hademay Yeltoyning o‘zi ham xizmatdan qaytib keladi. Toshboyga qo‘l uchini uzatadiyu viqor bilan boshqa xonaga kirib ketadi. Xotini botinmaygina:
   —   Yeltoy, axir, bu kishi Salimboy otaning o‘g‘li-ku, — deydi. — Uni tanimadingmi? Agar biz ular qilgan yaxshilikni unutsak, xudoni unutgan bilan barobar bo‘lamiz. Sen u bilan odamga o‘xshab so‘rashgin, hol-ahvolini so‘rab-surishtirgin.
   Shundan so‘ng Yeltoy:
—Boboy qalay, sog‘-salomat yuribdimi? — deb so‘raydi istamaygina. Keyin javobni ham kutmasdan shosha-pisha ilova qiladi:
—Ertaga qiladigan ishlarim boshimdan oshib-toshib yotibdi, tezroq dam olmasam bo‘lmaydi.
   «Qirol bo‘lib qolsam, ot minib yurib mol boqaman» degan cho‘pondan hokimiyat tepasiga chiqib olgan bunday ko‘rnamak odamlarning nima farqi bor?
   Aytmoqchi, ishdan bo‘shatilishini eshitgan Yeltoy, eng avval:
   —   Mashina o‘zimda qoladimi? — deb so‘ragan ekan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:16:28
   Aytmatov. Demokrit:  «Davlatni boshqarish san’ati — san’atlarning eng ulug‘idir», degan edi. Ko‘pincha butun boshli xalqning taqdiri bir kishining — hukmdorning qo‘lida bo‘ladi.
   Masalan, Pyotr birinchi qoloq Rossiyani qayta tiklamadimi? Butun boshli xalqni «qayta qurish»ga majbur qilgan «buzg‘unchi» shaxsning o‘rnini ta’kidlashdan oldin Pyotrning hayoti va faoliyatiga doir ma’lum voqealarni eslatib o‘tmoqchiman. Podsho bo‘lgach, shaxsan o‘zi Gollandiyaga yo‘l oladi va u yerda Pyotr-duradgor nomi bilan kema qurilishi sirlarini o‘rganadi. Albatta, zerikib yotgani uchun bunday ish bilan shug‘ullanmaydi, Pyotrning ulug‘ligini Pushkin mana bunday mumtoz misralarda ifodalagan:
   
   Goh akademik, goh qahramonsan,
   Goh dengizchi, goho duradgor —
   Uning qalbi bepoyon,
   Taxtda ham doim xizmatkor.

   
   Hasadgo‘y G’arb och ko‘zlarini Rossiyaning bepoyon yerlariga, boyliklariga tikavergach, saltanat xavf ostida qolganini sezgan Pyotr poytaxtni Moskvadan Boltiq dengizi sohillariga ko‘chiradi. Uning ishonchi komil bo‘ladiki, poytaxtni himoya qilish har bir rus kishisining muqaddas burchi edi. Poytaxt asrab qolinsa, demak, butun Rossiya har qanday musibatdan forig‘ bo‘ladi. Shunday qilib, dunyodagi eng go‘zal, betimsol shaharlardan biri bo‘lmish Sankt-Peterburg bunyod etiladi. Bilch-bilch botqoqzorlarni Pyotr allaqayoqlardan keltirilgan tuproq bilan ko‘mdiradi va shahar ko‘chalariga qayin, qarag‘ay, eman ko‘chatlari ektiradi. «O’zboshimchalik bilan emanni kesgan odam qatl etilsin!» degan farmonning muallifi ham o‘sha buyuk Pyotr edi. Uning o‘z qo‘llari bilan ekilgan emanzorlar, mana, uch yuz yildirki, yaproqlarini shaldiratib, ko‘kka bo‘y cho‘zib turibdi.
   Pyotr Rossiya saltanatining davlat boshqaruvini tubdan qayta quradi; zavod-fabrikalar, o‘quv yurtlari sonini keskin ko‘paytirdi; jangovar, uyushgan armiya va qudratli flot tuzdi. Kirillitsa imlosini o‘zgartirdi, ba’zi bir murakkab harflarning yozilishini oddiylashtirdi. Sankt-Peterburgdagi birinchi maxsus bosmaxonaga asos soldi; rus matbuoti tarixidagi ilk «Vedomost» gazetasini o‘z qo‘llari bilan nashr etdi.
   Agar Pyotr o‘z mamlakatining haqiqiy fuqarosi, o‘z davrining odami bo‘lmaganda hech qachon buyuk bo‘lmasdi. Pyotr Rossiyaning kelajagini yaqqol ko‘ra bildi.
   Charm kovush kiyib, chakmon yopinib yurgan mamlakat vaqtig‘soqti kelib buyuk davlat bo‘lishiga zarracha shubha qilmadi. Ayni paytda Pyotr rossiyaliklarga benihoya tarvaqaylab ketgan soqol-mo‘ylovlarni qirib yurish va ro‘dapo kiyimlarni tartibga solib, qisqartirish tug‘risida farmon berdi. Me’yor nimaligini bilmaydigan rus erkaklarini ichkilikbozlikdan qaytarish uchun og‘ir cho‘yan medal quydirdi va piyonista kimsalarni xalq oldida uyaltirish maqsadida o‘sha medalni bo‘ynilariga taqtirib qo‘ydi. Agar kimda-kim o‘z ota-onasini hurmat qilmasa, u davlat jinoyatchisi deb hisoblansin va og‘ir jazoga tortilsin. Agar kimda-kim karra jadvalini (arifmetika) bilmasa, unga uylanishiga ruxsat berilmasin», deb farmon chiqaradi Pyotr. Podshohning bunday farmonlari johil mamlakatni asta-sekin taraqqiyot sari surib boraveradi.
   Urushda yengilmas, ishda charchamas buyuk Pyotr kambag‘allik va savodsizlik botqog‘iga botib ketgan o‘z xalqini ho‘kizga o‘xshab tubanlikdan tortib chiqarmadimi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:16:48
   Shoxonov. Lekin, tarixning yo‘li tekis emas. Buyuk Pyotr buyuk davlatlar safiga olib chiqqan Rossiya imperiyasini 1730—1740 yillarda boshqargan Anna Ioanovna yana-tag‘in qo‘zg‘olon quchog‘iga itqitib yuboradi. Muarrixlarning yozishicha, qirolicha Anna dangasa edi, mamlakatni boshqarishni bilmasdi. U haddan tashqari kayf-safoga berilib ketadi. Davlat ishlari bilan mutlaqo qiziqmaydi. Ertadan-kechgacha masxarabozlar yoki ovunchoq teatrini tomosha qilib o‘tiraverardi. U iznidagi knyazlar, graflar ustidan kalaka qilishni va qarshisida qaltirab turgan asilzodalarni masxaralab kulishni yaxshi ko‘rardi.
   Hukmronligining so‘nggi yillarida Anna Ioanovna saroy ahlini, mulozimlarini xursand qilish uchun knyaz Golitsinni qo‘l ostidagi eng xunuk qalmiq qiz Bujennikovaga hazil aralash uylantiradi. Bu haqda maxsus farmon chiqarib, butun Rossiya bo‘ylab tarqatadi. Qirolicha Annaning amriga ko‘ra, qishda Neva daryosi ustiga saroy quriladi. To‘y tantanasi shu yerda bo‘lishi kerak edi. Tantiq qirolichaning xohishi bo‘yicha, saroy muzlardan barpo etiladi: eshiklari ham, derazalari ham, oshxona anjomlariyu hatto kelin-kuyov yotadigan go‘shanga ham muz bo‘ladi.
   Rossiyaning turli burchaklaridan haydab keltirilgan ruslar, tatarlar, chuvashlar, mordvalar, xoxollar o‘zlarining milliy kiyimlarida raqs tushadilar, qo‘shiq aytishib, shovqin-suron ko‘taradilar... Qirolichaning bunday xurmacha qiliqlari inson taqdiri uning uchun o‘yinchoq ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Boz ustiga, knyaz Golitsin rus tuprog‘idagi eng asilzoda avlod vakili bo‘lib, bu borada Romanovlar oilasidan kam nufuzga ega emasdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:17:22
   Yana bitta qiziqarli tarixiy haqiqat mavjud. Ma’lumki, 1731 yili Rossiya imperiyasi bilan qozoqlarning g‘arbiy o‘lkalari o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatiladi, shartnoma tuziladi. Qozoqlarning Kichik va O’rta juz urug‘iga mansub bo‘lgan biylar, hokimlar, oqsoqollar, botirlar har xil sovg‘a-salomlar bilan Sankt-Peterburgga yetib boradilar. Qirolichaga hurmat ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Anna Ioanovna oldindan qozoq sahrosidan kelgan elchilarni qabul qilishga rozi bo‘ladi. Bitta tatar-tilmochni yollagan nufuzli elchilar har kuni qirolichaning ostonasiga bosh urib boraveradilar. Qirolicha bilan uch-to‘rt og‘iz gaplashmoqchi bo‘ladilar. Kunlar ketidan kunlar, haftalar ketidan haftalar o‘taveradi, lekin qirolichaning tillo eshiklari elchilar uchun aslo ochilmaydi. Nihoyat, saroy mulozimlari olis yurtlardan poytaxtga kelgan qozoqlar bir necha oydan buyon ostonada muntazir bo‘lib turishganini Anna xonimga eslatadilar. Shunda jizzaki xotin:
   — Favqulodda muhim ish chiqib qoldi. Gollandiya qiroli menga sovg‘a qilgan maymun bugun ertalab bolaladi. Bolalari biram chiroyliki, asti qo‘yaverasan! Bu ishlardan boshim og‘rib turibdi. Afsuski, ularni qabul qila olmayman, — deb javob beradi.
   Aytmatov. Bunga o‘xshash bema’ni voqealar tarixda ko‘p bo‘lgan. Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan bitta qalloblik to‘g‘risida eslatib o‘tishim mumkin.
   Har xil mojarolar bilan tarixda yorqin iz qoldirgan ikkinchi Yekaterina hukmronlik qilgan davrlarda Ukraina bilan Qrim ham Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan edi. O’sha o‘lkalarning general-gubernatori lavozimiga qirolichaning jazmani bo‘lmish oliymaqom knyaz Grigoriy Potyomkin tayinlanadi.
   Qirolicha kichik Rossiya aholisining ahvoli bilan tanishish maqsadida 1787 yilda safarga chiqadi. U Peterburg bilan Kiev o‘rtasida 76 stantsiyada, o‘ttiz beshta qishloqda to‘xtab o‘tadi. Tushlik qiladi, dam oladi. Son-sanoqsiz mulozimlari qurshovida oldindan belgilab qo‘yilgan yo‘llardan o‘tayotgan qirolicha safarining ikkinchi kuniyoq boy-badavlat, o‘ynab-kulib hayot kechirayotgan fuqarolarini ko‘rib, bag‘oyat xursand bo‘lib ketadi. Vaholanki, o‘z qo‘li ostidagi o‘lkalarni qirolichaga yaxshi ko‘rsatish uchun gubernator kecha-kunduz tinim bilmay tomoshaxona hozirlaydi: so‘qimga boqilgan hayvonlarni yo‘l chetiga qatorlashtirib qo‘yadi, odamlarni ham to‘tiqushday sayrashga o‘rgatadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:18:18
   Xayriyat, qirolicha Peterburgga qaytib borgach, Potyomkinning nayranglari fosh etiladi. Ma’lum bo‘lishicha, u hamma narsani oldindan uyushtirib qo‘ygan ekan. Lekin, son-sanog‘i yo‘q mol podani qaydan topgan ekan? Bu masalada topqirlik qiladi: Yekaterina bitta qishloqda dam olayotgan paytdan foydalanib, mol poda bir kechadayoq qo‘shni qishloqqa haydab borilarkan va navbatdagi «ko‘rikka shay etib qo‘yilarkan!
   Yem-xashak, oziq-ovqatlarning serobligini qanday ta’minlagan? Tog‘-tog‘ qilib ustma-ust uyub tashlangan qoplarda g‘alla emas, tuproq to‘ldirilgandi. O’shandan beri «Potyomkinning qishloqlari» degan ibora og‘izdan-og‘izga o‘tib yuradi.
   Shoxonov. Yolg‘onchi-hukmdorlarning nayranglari to‘g‘risida tarixda minglab misollar bor. Masalan, folbinlik qobiliyati bilan nom chiqargan Rim imperatori Tiberiy o‘zining kelajakdagi vorisi bo‘lmish Kaligula to‘g‘risida: «U o‘ziga ham, o‘zgalarga ham yaxshilik qilmaydi. Faqat rimliklarga emas, balki butun dunyoga musibat keltiradigan ilon voyaga yetyapti», degan edi.
   Nihoyat, taxtga yangi o‘tirgan imperator dastlabki paytlari juda g‘ayratli, mehribon bo‘ladi. Ilgari tarqatib yuborilgan senatni qayta yig‘adi, obro‘-e’tiborli Rim zodagonlariga faxrli mansablarni taklif etadi. Liviya bilan Tiberiyaning vafotidan so‘ng qolgan bitmas-tuganmas boyliklarni marhumlarning vasiyatlariga binoan rimliklarga barobar taqsimlab beradi.
   Bularning hammasi xo‘jako‘rsinga qilinadi. Birmuncha vaqt o‘tgach, hokimiyat jilovini butunlay qo‘lga olishga ulgurgan Kaligula quturib ketadi.
   «Uning bema’niligi, tentakligi chegara bilmasdi, — deb yozadilar qadimiy muarrixlar. — U o‘zini tirik xudo deb e’lon qiladi. Mulozimlari kechasiyu kunduzi unga xushomad qilardilar, sajda qilardilar. Odamlarning itoatgo‘yligidan mamnun bo‘lgan Kaligula: «Ko‘rgani ko‘zlari bo‘lmasa ham mayli, fakat qo‘rqib turishsa bas», deb takrorlashni yaxshi ko‘rardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:19:06
   O’zini tug‘ma aktyor, tug‘ma hukmdor deb bilgan imperator davlat ishlarini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, kayf-safoga, o‘yin-kulguga berilib ketadi. Buzuqchilikdan ham qaytmaydi. Jamoat joylarida fojiaviy aktyor qiyofasida bir nimalar deb ming‘irlardi-da, so‘ng holdan toyguncha o‘yinga tushardi.
   Aytmatov. O’sha imperatorning o‘zboshimchaligi to‘g‘risida Iosif Flaviyning esdaliklari bor. «Boshqalarni qo‘ya turaylik, lekin Kaligula hatto Gomerning dostonlarini ham yo‘qotib yubormoqchi bo‘ldi, — deb yozadi Flaviy. — Odamlarni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q edi. U bir necha marta hammani qirib yubormoqchi bo‘ldi, marhumlarning pok ruhini toptamoqchi bo‘ldi. Kaligula rimliklar ustiga yuklab qo‘ygan son-sanoqsiz o‘lponlarning adog‘i ko‘rinmasdi. Boy-badavlat, nufuzli vorislar bosh ko‘tarib qolishidan qo‘rqib, imperator ularning hammasidan o‘z foydasiga vasiyatnoma yozdirib oladi. Keyin vasiyatnoma yozib bergan zotni jinoyatchi deb e’lon qilardi-da qatl ettirib yuborardi; boyligini esa o‘zlashtirib olardi. Rimliklarni  dahshatga   solgan   narsa  shu  bo‘ldiki,   u  o‘zining suyukli otini konsul lavozimiga tayinlaydi».
   Davlat ahamiyatiga molik mansabga otning tayinlanishi hali tarixda bo‘lmagan hodisa edi. Boz ustiga, Kaligula o‘z oti uchun marmar katak va fil suyagidan oxur qurish to‘g‘risida farmon beradi!
   Kaligula imperator bo‘lgan to‘rt yil davomida o‘zboshimchalik va shafqatsizlik oqibatida gullab-yashnayotgan qudratli davlat qashshoq monarxiyaga aylanib qoladi. Davlatning eng katta o‘g‘risi imperatorning o‘zi edi. Boshqa mansabdor shaxslar ham bu borada chetda qolmaydilar; ular ham davlat tanasiga zulukday yopishib oladilar. Bir yilning ichida davlat xazinasidan ikki milliard yetti yuz million poshshoyi tanga g‘oyib bo‘ladi. Rim xalqi qashshoqlashadi, odamlar bir burda non topish ilinjida har tomonga tariqday sochilib ketadilar. Cheksiz hokimiyat va misli yo‘q boylik quturtirib yuborgan Kaligulaning xotini qiz tug‘adi: imperator esa rimliklardan qizaloqni boqish, tarbiyalash va kelajaqdagi sep uchun pul to‘plab berishni talab qiladi. Yangi yilning birinchi kuni Rim imperatori o‘z saroyi ostonasida turib olib, tinimsiz oqib kelayotgan odamlardan xuddi tilanchi kabi xayr-sadaqa so‘ray boshlaydi. Asta-sekin tog‘ bo‘lib uyulayotgan tangalarni ko‘rib aqldan ozar darajada suyunib ketadi, o‘zini tangalar ustiga tashlaydi; tangalarni hovuchlab-hovuchlab boshidan sochadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:19:17
   Turli darajadagi mansablarga tayinlangan amaldorlardan kelib turadigan siylovlar bilan qanoatlanmagan imperator ochiq-oydin talonchilik qiladi. Shu maqsadda saroyda maxsus qaroqchilar va o‘g‘rilar guruhini saqlar edi.
   Kaligula ola-quroq latta-puttalardan tikilgan bema’ni kiyimlarda yurishni yoqtirardi. «U g‘alati-g‘alati ust-bosh kiyib odamlar oldiga chiqar edi. Bunday kiyimni nafaqat birorta rimlik, hatto oddiy erkak ham kiyishga or qilgan bo‘lardi. Chet, ellardan kelgan elchilar etaklari kengmo‘l xotinlarning gulli ko‘ylagini, xotinlarning tuflisini kiyib taxtda o‘tirgan imperatorni ko‘rishgach, miyig‘ida kulishgancha bir-birlari bilan ma’noli ko‘z urishtirib olardilar. Bunday paytlarda rimliklar nomusdan o‘lar holatga yetardilar», deb yozadi yunon tarixchisi.
   Kaligula soqolini tillo suvi bilan bo‘yab oladi. So‘ng mashhur sarkarda Iskandar Zulqarnayn qabrini ochib, undan jangovar sovutni oladida o‘zi kiyib, ko‘chalarda sayr etib yuradi. Bunday bachkana qiliqlar rimliklarning g‘azabini qo‘zitadi, xolos.     
   Nihoyat, qonli to‘qnashuvlardan, qashshoqlikdan, vayrongarchilikdan bezor bo‘lgan rimliklarning toqatlari toq bo‘ladi. Ahmoq imperatorning hokimiyatiga barham berilmasa, davlat yakson bo‘lajagini xalq tushunib yetadi. Imperator qatl etiladi. Bu yangilikni eshitgan rimliklarning aksariyati bo‘lgan voqeaga ishonmaydilar: Kaligula jo‘rttaga hunar ko‘rsatayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydilar. Ba’zi kishilar esa xush-xabarni eshitib, bir-biridan suyunchi so‘raydilar.
   Tarixda sharmandali nom qoldirgan mana shunaqa davlat boshliqlaridan xudoning o‘zi saqlasin!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:20:14
   Shoxonov. 121—139 yillarda Rim imperiyasini boshqargan Mark Avreliy esa Kaligulaning mutlaqo teskarisi edi. «O’zim bilan yuzma-yuz» nomli yirik ilmiy asar yozgan bu inson tarixda eng to‘g‘riso‘z, adolatli faylasuf-imperator sifatida yaxshi nom qoldirdi.
   Avreliy o‘z asarida xalqni qanday boshqarish, hukmdor o‘zini qanday tutishi to‘g‘risida batafsil bayon qiladi. U: «O’z vazifangni rimliklarga xos bo‘l-gan ochiq ko‘ngulilik, halollik, xalqqa mehr bilan ado etmoging darkor. Bundan boshqa qarashlaru tushunchalarga mahliyo bo‘lmaslik kerak. Bema’nilik, munofiqlik, manfaatparastlik qilmasdan har qanday ishni sidqidildan nihoyasiga yetkazmoq lozim. Shundagina baxtli bo‘lasan», deb yozadi.
   Harbiy yoki fuqaro hayotiga tegishli birorta ishni boshlashdan avval imperator albatta davlatning yuqori mansabdor shaxslari bilan maslahatlashardi. Avreliy: «Davlatni bir kishining irodasiga itoat ettirib qo‘ygandan ko‘ra, tajribali, oqil do‘stlarning maslahatlariga quloq solgan afzal», deb tez-tez takrorlab turardi.
   Tarixdan yaxshi ma’lum bo‘lgan bitta mumtoz misol keltiraman.
   Ovidiy Kassiy Suriyada imperatorga qarshi fitna hozirlaydi. Lekin, chopar orqali hamtovoqlariga jo‘natgan maktub qo‘lga tushirilib, Mark Avreliyga yetkaziladi. Shunda Avreliy maktubni hech kimga o‘qitmasdan o‘tga tashlab kuydirib yuborish to‘g‘risida farmon beradi. U dushmanlari kim ekanini bilishni istamaydi, keyinchalik o‘zi istamagan holda ularni yomon ko‘rib qolishdan cho‘chiydi.
   Ovidiy Kassiyga nisbatan ko‘ngilchanlik qilgan Mark Avreliyning sa’y-harakatidan hayron bo‘lgan bitta rimlik: «Agar o‘sha sotqindan yengilib qolganingizda nima bo‘lardi?» deb so‘raydi. «Xudoyimga nima yomonlik qilgan edikki, biz sotqindan yengilib qolsak?» deb savolga savol bilan javob qaytaradi Mark Avreliy. Shundan so‘ng u imperator tomonidan qatl etilgan bir qancha kishilarni misol tariqasida sanab ko‘rsatadi: ularni o‘ldirish uchun salmoqli asoslar bor edi, deydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:21:24
   Aytmatov. U o‘z mamlakatida erkinlikka asoslangan davlatga xos bo‘lgan munosabatlarni joriy etadi: odamlar yovuzlikdan himoya qilinadi, muntazam ravishda ezgu xislatlar tarbiyalanadi; mehnatkashlik, ma’rifatparvarlik fazilatlari qaror toptiriladi. Qisqasi, barcha sohalarda yuksak axloqiy namunalar yaratiladi. U har doim yomon odamni yaxshi odamga, yaxshi odamni esa go‘zal odamga aylantirishga harakat qiladi. Tarbiyaga alohida e’tibor beradi. Mark Avreliy xudo bergan qobiliyat, aql-idrok, ruhiy saxovat sohibi edi. Agar u o‘sha tarixiy davrda dunyoga kelmaganda bormi, Rim olami xonavayron bo‘lib, qonga botib ketardi.
   Shoxonov. Rim imperiyasi qancha-qancha hukmdorlarni ko‘rgan! Ko‘pchiligining nomlari allaqachon unutildi. Oradan yigirma asr o‘tgan bo‘lsa hamki, Kapitoliya maydonida Mark Avreliyning ot minib turgan kumush haykali qo‘r to‘kib turibdi. Bu zot o‘z xalqini samimiy sevar edi.
   Aytmatov. Plutarxning «Yetti donishmand suhbatlari» asarini o‘qiyotib, Fales, Solon, Periandr kabi faylasuflarning yunon va rim hukmdorlariga bergan ta’riflariga duch keldim.
   Shoxonov. Aytmoqchi, muarrix Geraklid Pontiyskiyning yozishicha, aynan Plutarx tasvirlagan Solonning otasi o‘z davrida mashhur bo‘lgan Eksekestid, onasi esa Pisistratning nabirasi ekan. Mashhur shoir, nosir, faylasuf, ko‘ngli keng inson bo‘lmish Solonning hokimiyat tepasiga kelishi ham qiziq bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:21:48
   Yoshligidan tijoratga moyil bo‘lgan bo‘lajak hukmdor ilm o‘rganishga, yangilikka tashna edi. Tez orada olim sifatida mashhur bo‘lib ketadi. Shaxsiy boylik uni deyarli qiziqtirmaydi. Ma’naviy dunyosi boy bo‘lgan zot oltin talvasasida mast bo‘lib yurgan kimsalardan nihoyatda yuksak ekanini his qiladi. Axloqan pokligi va aql-idrokiga qoyil qolgan afinaliklar undan davlat boshqaruvini qo‘lga olishni iltimos qiladilar; qo‘shni davlatlar bilan uzluksiz ravishda davom etayotgan urushlarga chek qo‘yishni so‘raydilar. Boshqaruv jilovini qo‘lga olgan Solon ko‘p o‘tmasdan «siyosat — yolg‘onchilik san’ati» ekanini kashf etadi. Ilgari  hech  qanday  jinoyatga sherik bo‘lmagan, boylar bilan do‘st tutinmagan inson mamlakat osoyishtaligi uchun o‘z xalqini ketma-ket alday boshlaydi. Dastlab, kambag‘allarga yer beriladi, deb va’da qiladi. Ayni paytda boylarni o‘z tarafiga og‘dirib olish uchun, aksincha, hech kimga yer berilmaydi, ularga qarzlari qaytariladi, deydi. Natijada kambag‘allar ham, boylar ham Solonni «o‘zimizning odam» deb biladilar. Shu munosabat bilan aytgan — «tenglik urush chiqarmaydi» — so‘zlari og‘izdan-og‘izga o‘tib yuradigan iboraga aylanib ketadi. Umr bo‘yi she’r yozgan va shoirlikni hamma narsadan ustun qo‘ygan Solon bunday mushohada yuritadi:
   
   Men xalqimga qancha kerak, shuncha berdim hokimlik.
   Hurmatidan ayirmadim, huquq bermadim ortiq.
   Ayni damda qildim g‘amxo‘rlik —
   boylik va kuch bilan obro‘y topganni.
   Etmasin ularni birov sharmanda.
   Shu ikki o‘t aro turdim mardona:
   qo‘ymadim boshvoqsiz ur ho-urlarga...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:22:03
   Aytmatov. Bu she’rdan ham ma’lum bo‘lyaptiki, Solon bekorga yunon huquq tizimining islohotchisi sifatida nom chiqarmagandi: hukmdor bo‘lgan yillarda davlat uchun zarur va foydali bo‘lgan ko‘plab qonunlar qabul qilgan. Masalan, Solonning fuqarolik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi qonunini olib ko‘raylik. Sirtdan qaralsa, qandaydir sababga ko‘ra parokandalikka uchragan jamiyatda fuqarolik huquqidan mahrum etilgan shaxs birorta ham partiyaga qo‘shila olmaydi, hammadan ajralib qoladi. Bu holni oqilliqdan nishona deb bo‘lmasdi. Biroq, Solon qonunning ana shu moddasi yordamida fuqarolar o‘z mamlakatidagi har qanday siyosiy o‘zgarishlarga ziyrak munosabatda bo‘lishlari kerakligini, qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tish lozimligini omma ongiga singdiradi.
   Uning yana bitta yaxshi ishi — marhumlar to‘g‘risida yomon gap aytishni qatiyan man etib qo‘yadi. Ayni chog‘da nutq so‘zlayotganda, ibodatxonada, davlat muassasasida, sudda shaloq so‘zlar ishlatilishiga ham barham beradi. Mana shu qonunni buzgan odam davlat jinoyatchisi deb tan olinardi va qattiq jazolanardi. Diniy tutumlarga mos tushadigan bunday chora-tadbirlar xalqqa ma’qul bo‘ladi. Har tarafdan Solon sharafiga hamd-sanolar o‘qiladi.
   O’zi qabul qilgan konunlarni bajarmaydigan davlat oxir-oqibat yakson bo‘ladi, deb hisoblagan Solon o‘sha qonunlar matnini daraxtlarga o‘yib yozib qo‘yish to‘g‘risida farmon beradi: shunda bu qonunlar yuz yil saqlanib qoladi.
   Solon hokimiyat tepasiga kelgach, ilgarigi hukmdor Drakont tomonidan qabul qilingan barcha qonunlarni bekor qiladi. Ma’lumki, Drakont jinoyatchilarni qatl ettirishni yaxshi ko‘rardi. Ibodatxonani buzib tashlagan yovuz niyatli kishi ham, qotil ham, chakana kissovur ham Drakont uchun barobar jinoyatchi hisoblanardi. Shuning uchun odamlar: «Drakont davlat qonunlarini siyoh bilan emas, qon bilan yozdi», deyishardi.
   Daraxtlarga o‘yib yozilgan Solon qonunlari Drakont joriy etgan shafqatsizlikka hech qanday o‘rin qoldirmadi. O’sha qonunlar o‘chib ketmadi, bizning avlodimizgacha yetib keldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:22:56
   Shoxonov. Solon hukmdor bo‘lgan yillarda Afinada buzuqchilikka chek qo‘yiladi. Uning: «Qiz-juvonlarni o‘g‘irlab ketib zo‘rlab qo‘ygan kishilardan 100 draxm, qo‘shmachilardan 20 draxm jarima undirib olinsin! O’z qizini yoki singlisini pulga sotgan kimsa jamiyatdan haydab chiqarilsin!» degan farmonlari buzuqchilikka, o‘zboshimchalikka barham beradi. U paytlari pul topish juda mushkul edi: 20 draxm jarima to‘lagandan ko‘ra, bir umr qul bo‘lib yashagan osonroq bo‘lardi.
   Aytmatov. Arastuning asarlarida hukmdor Solon bilan Anaxarsisning do‘st bo‘lgani to‘g‘risidagi iqrornomani uchratamiz. Gerodotning hikoya qilishicha, Anaxarsis o‘sha paytlari Eron shohi Doroga qarshi urush olib borayotgan skiflarning podshosi Idanfarisning qarindoshi edi. Anaxarsis skiflardan chiqqan mutafakkir olim edi. Skiflar esa, ma’lumki, turkiy xalqlarning eng qadimiy ota-bobolari hisoblanadilar. Anaxarsis qomusiy iqtidor sohibi, faylasuf sifatida mashhur edi. Uning notiqlik san’atiga butun dunyo qoyil qoladi. Mutafakkirning fahm-farosatiga, topqirligiga tan bergan yunonlar o‘rtasida: «Skif shunday deyapti», degan ibora juda keng tarqaladi.
   Qadimiy dunyo tarixchilarining guvohlik berishicha, Anaxarsis (Anaris) Skifiy Qora dengiz sohillaridan Yunonistonda ta’lim olish uchun keladi. Solon va boshqa mutafakkirlar bilan do‘stlik tufayli uning nomi dunyoga mashhur bo‘lib ketadi.
   Biz yuqorida nomlarini zikr etib o‘tgan qadimiy faylasuflar Amasis nomli podshoga oqilona maslahatlar berganlar. Bo‘lajak hukmdorlarning ko‘pchiligi o‘sha maslahatlarga amal qiladilar. Donishmand zotlar «ittifoqi»da Anaxarsisning ham munosib o‘rni bor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:23:40
   Solon. «Menimcha, o‘z hokimiyatini va hukumatini xalq hokimiyatiga aylantirishga qodir hukmdorgina shon-shuhrat qozonadi».
   Biant. «Faqat shundagina u qonun barchaga barobar ekanini ko‘rsatadi».
   Fales. «Keksayib, o‘z ajali bilan o‘lgan hukmdor — baxtlidir».
   Anaxarsis. «Bu degani uning hammadan ko‘ra aqlliroq bo‘lganini bildiradi».
   Kleobul. «Shunda u mulozimlarining o‘ylay-netmay bergan maslahatlariga amal qilib ketaveradigan hukmdor emasligini ko‘rsatadi».
   Pittak. «Xushomadgo‘ylar boshidan ajralib qolishi hech gap emasligidan doim qo‘rqishlari kerak. Shundagina hukmdor o‘z davlatida osoyishtalik o‘rnatadi».
   Xilon. «Podsho o‘lim to‘g‘risida emas, abadiyat to‘g‘risida o‘ylashi lozim».
   Periandr. «Bir narsani eslatib qo‘ymoqchiman: yuqorida aytilgan gaplarni aql tarozisida tortib ko‘rgan inson hokimiyat bilan aloqasini uzishi kerak».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:23:58
   Turkiston tuprog‘ida tug‘ilib, o‘zgalar mamlakatining gullab-yashnashi uchun beqiyos hissa qo‘shgan bobokalonimiz Anaxarsisga Yunonistonda ulug‘vor yodgorlik o‘rnatilgan. O’sha yodgorlikning poydevoriga: «Mening tilim — mening dushmanim», degan so‘zlar mixlab qo‘yilgan. Odamlarning xotirasida Anaxarsisning quyidagi iboralari haligacha saqlanib qolgan: «Kema qurilgan yog‘ochning qalinligi to‘rt enlik ekanini bilgan odam kemada ketayotib o‘lim bilan uning o‘rtasidagi masofa ham to‘rt enlik ekanini unutmasligi kerak».
   Buyuk podsho Solon vafot etgach, Anaxarsis Qora dengiz sohillariga, qadimiy turklar tuprog‘iga qaytadi. Bu yerda u johiliyat va hasad tufayli o‘z qarindoshi tomonidan o‘ldiriladi.   
   Yana bir narsani eslatib o‘tmoqchiman. Uyatsizlarcha: «Bizdan keyin dunyoni suv bosmaydimi!» degan iboraning muallifi bo‘lmish Frantsiya qiroli Lyudovik XIV cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lib, 72 yil davomida hukmdor bo‘lgan. U fuqaro bilan o‘zim xohlaganimdek muomala qilaman; xohlasam otib o‘ldiraman, osaman, boshini tanasidan judo qilaman, deb hisoblardi. Istagan paytimda ko‘nglimga kelganini qilaman, deb o‘ylardi.
   «Davlat — bu men» Lyudovik XIV kalondimoqlik bilan aytgan mana shu so‘zlar hozir ham salbiy ma’noda ishlatiladi.
   Qirolning so‘nggi nafasigacha xira pashadek atrofini qurshab olgan mulozimlar laganbardorlik, xushomadgo‘ylik borasida bir-birlari bilan musobaqa o‘ynashardi. Asilzodalar tong otar-otmas qirol bilan diydorlashuv marosimida qatnashish uchun saroyga qarab yugurardilar. Ular qirolga yaltoqlanishardi: birov unga ichki ishtonini uzatardi, birov oyoq kiyimini to‘g‘rilab qo‘yardi, birov kamzulini ilgakdan olib berardi. G’ala-g‘ovur ko‘tarishib: «Qirol bugun oq ko‘ylagini kiysinmi yoki havorang ko‘ylaginimi?» degan masalada uzoq bahslashib qolardilar. Har kuni ertalab qirol Lyudovik XIV ning kiyinish marosimi eng kamida ikki soat davom etardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:24:26
   Ayni chog‘da Lyudovik xushomadgo‘ylarga yangi va yangi mukofotlar ulashar, ular uchun toza lavozimlar o‘ylab topar, har oyda bir marta xizmat zinapoyasidan bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarib qo‘yar edi.
   Mulozimlarning vazifalari ham juda g‘alati edi. Ular kechasi bilan uxlamasdan guruh-guruh bo‘lishib, qirolning ichki kiyimlarini, yasama sochini, tuvagini qo‘riqlab chiqishardi.
   Lyudovik XIV ning endi bir yoshga yetgan qizchasining 80 nafar xizmatkori bor edi. Qirolning shaxsiy xizmatkorlari esa son-sanoqsiz bo‘lardi. Hech poyoni ko‘rinmaydigan o‘yin-kulgiga, shikorga, mulvzimlarga misli yo‘q mablag‘ sarflanardi. Tabiiyki, bu mablag‘ kambag‘allardan soliq sifatida undirib olinardi. Kimki o‘z vaqtida soliqni to‘lamasa, u oila a’zolari bilan o‘z uyidan haydab chiqarilar, mol-mulki musodara qilinar edi. Oddiy xalq qashshoqlik va xo‘rlik ostida ezilib yotgan bir paytda bekorchilikdan nima qilishini bilmay yurgan qirol Versal qasrini barpo etish, ustidan marmar «kiydirish» to‘g‘risida amri farmon beradi. Qasrning tashqi va ichki hovlisida 1400 ta hovuz barpo etiladi. Qirol hukm surgan 47 yil davomida o‘sha qasr quriladi.
   Olifta, maqtanchoq qirol nihoyatda qo‘rqoqligi bilan ham zamondoshlari xotirasida iz qoldiradi. O’z mulozimlari tomonidan fitna uyushtirilishidan o‘lgudek qo‘rqadigan zoti oliylari saroyda qirqdan ortiq folbin va jodugarni doim saqlab yurardi. Bema’ni «ajoyibxona»ga qirolning o‘ynashi Atono de Montespaon boshchilik qilardi. O’sha kulguli tashkilot politsiya tomonidan fosh etilgach, qirol o‘zining «homiylari»ni saroydan haydab chiqarishga majbur bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 14 Mart 2009, 17:24:56
   Lyudovik XIV ning o‘zboshimchaligi, shafqatsizligi to‘g‘risida saroy hayotiga doir bir voqea har qanday tarixiy solnomadan ko‘ra ko‘proq guvohlik berishi mumkin. Bir kuni qirol oshpazi qisqichbaqadan zo‘r ovqat tayyorlaydi-yu, lekin ustiga qayla solishni unutadi. Taom dasturxonga tortilgandan keyingina «qovun» tushirganini sezib qoladi: qirolning yaramas odatlarini boshqalardan ko‘ra yaxshi biladigan sho‘rlik oshpaz jazo berilishini kutib o‘tirmasdan o‘zini o‘zi o‘ldirib qo‘ya qoladi.
   Shafqatsiz xor-zorliklar jonidan o‘tib ketgan frantsuz xalqi qirol o‘lgandan so‘ng uning butun avlodini bitta ham qoldirmasdan qirib tashlaydi.
   Shoxonov. Darvoqe, turk sultoni Abdulazizning saroyida besh ming kishi kechasiyu kunduzi oyoq uchida yurib, xizmat qilardi. O’shalardan bittasining vazifasi, masalan, bir yarim-ikki oyda bir marta sultonning muborak oyoqlarining tirnoqlarini olib qo‘yishdan iborat bo‘ladi.
   Tarixga sinchiklab nazar solinsa, yuz yillar davomida tom ma’noda donishmand hukmdorlar, tom ma’noda shafqatsiz diktatorlar va o‘zlarining xurmacha qiliqlari bilan tantiq bolakaylarni eslatadigan masxarabozlar o‘tganini ko‘rish mumkin. Bundan ikki yarim ming yil avval yashab o‘tgan Vavilon hukmdori Navuxodonosorning faoliyati ham ibratlidir. U Midiy podshosining Semiramida ismli go‘zal qiziga uylanadi. Kuyov-kelin bir-birlarini haddan tashqari yaxshi ko‘rsalar-da, lekin Semiramida Vavilonning chang, shovqinli ko‘chalarini unchalik xush ko‘rmaydi: o‘zining tog‘li, soya-salqin, go‘zal vatanini sog‘inaveradi.
   Suyukli yorining ko‘nglini ovlashni bilmay qolgan baxtiqaro hukmdor minglab xizmatkorlarini, asirlarni og‘ir mehnatga jalb etadi: ularni xuddi Midiadagidek osma bog‘ barpo etishga majbur qiladi. Bu bog‘da har xil mevali daraxtlar barq urib o‘smog‘i darkor edi. Sayroqi qushlar keltirish uchun dunyoning hamma tomonlariga choparlarini jo‘natadi. Buloqlarning o‘zanini o‘zgartirib, hukmdor sevgilisi uchun jildirab oqadigan jilg‘alar bunyod etadi.
   Og‘ir mehnatga bardosh berolmagan qullar, asirlar chivindek qirilaveradilar. Sohibjamol xotiniga yaxshi ko‘rinish uchun o‘zi ham tinim bilmayotgan Navuxodonosor holdan toyib, keksayib qoladi. Xalq esa yoppasiga qashshoqlab ketadi.
   Marokash sultoni Mulla Ismoilning hayoti ham aynan Navuxodonosor II taqdirini eslatadi. O’z xalqining eng oxirgi igna-ipini ham tortib olib, o‘zi uchun qirq kilometrga cho‘zilgan muhtasham qarorgoh barpo etish to‘g‘risida farmon beradi. Unda ellikta saroy bor edi. Saroydagi otxonaga o‘n ikki ming bosh ot sig‘ishi mumkin.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:28:27
   Aytmatov. O’z xalqi uchun ko‘p savobli ishlar qilgan hukmdorlarning nomlari ham tarix sahifalaridan munosib o‘rin olgan. Lekin, yovuzlik ham tarixda qolgan.
   Masalan, vasvos kasaliga mubtalo bo‘lgan Ivan Grozniy o‘n minglab odamlarni qirib, Novgorodni butunlay vayronaga aylantirmadimi? Uning ko‘ziga hamma sotqin bo‘lib ko‘rinaverardi. Rus xalqi tarixida bu o‘z shafqatsizligi, varvarligi bilan boshqalariga aslo o‘xshamaydigan kamyob hodisa edi.
   Grozniyning nomi qanchalik la’natga uchragan bo‘lsa, frantsuz qiroli Karl bilan Rim imperatori Titning nomlari shu darajada shon-sharaflarga burkangandir.
   Demak, agar hukmdor o‘z manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qo‘ysa, u o‘z davrida ham, kelajak avlod oddida ham qaqshatgich mag‘lubiyatga uchraydi.
   Shoxonov. «Cho‘loq qo‘lon» — Jo‘jixon to‘g‘risidagi afsona ham boyagi fikr-mulohazalarning davomiga o‘xshaydi.
   Zolim Chingizxon o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘jidan cho‘chir edi. Chunki, Jo‘ji go‘zal rafiqasining qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolgan, uning ta’siridan chiqolmasdi. Shu bois, Chingizxon bu o‘g‘lini saltanat ishlaridan chetroq yurishini istardi. Jo‘ji xoqonning to‘rt o‘g‘loni orasida eng qobiliyatlisi edi. Chingiz o‘z qo‘li bilan Jo‘jini gumdon qilib yuborishga botinmasdi. Otalik mehri hukmdor hisob-kitoblaridan ustun kelaverardi. Nihoyat, Jo‘ji ovga chiqqan qulay fursatdan foydalanib, Chingiz uni o‘ldirib kelish uchun pinhoniy ravishda qotillarni jo‘natadi. Jo‘ji cho‘loqlanib qochayotgan qulonning orqasidan quvlashga qiziqib ketib, pisib kelayotgan qotilni sezmay qoladi va ajalidan besh kun burun o‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:29:02
   Chingizxon o‘g‘lining o‘limi to‘g‘risidagi xabarni eshitib, sir boy bermaydi. Aksincha, motamsaro kimsa qiyofasiga kirib: «Agar kimda-kim Jo‘jining o‘lgani haqida xabar tarqatsa, uning og‘ziga qo‘rg‘oshinni eritib kuyaman!» deb do‘q uradi.
   Shu chog‘ do‘mbirasini sozlab olgan yoshgina bir baxshi xoqon o‘tirgan o‘tovga kiradi-da, motam tutib o‘tirgan Chingizga qarab «Cho‘loq qulon — Jo‘jixon» nomli termasini dona-dona ohangda kuylay boshlaydi. G’amgin musiqa uzoq davom etadi. Kuy bilan ijro etilayotgan g‘am-anduhlarga bardoshi yetmay qolgan Chingizxon:
—Menga Jo‘jining o‘limini eslatishga haddi sig‘gan manavi betamizning og‘ziga qo‘rg‘oshin quyil-sin! — deb amr qiladi.
—Shoshmang, xoqonim! — deb xitob qiladi baxshi. — O’g‘lingizning o‘limi to‘g‘risida men emas, manavi do‘mbira eslatdi. Uning og‘ziga qo‘rg‘oshin quyish kerak!
   So‘z o‘yinida mag‘lub bo‘lgan Chingizxon musiqa asbobini jazolashdan boshqa chora topolmaydi.
   Qozog‘istonning Ulug‘tov vodiysida hozir ham Jo‘jixonning maqbarasi bor. Chingizxon tomonidan in’om etilgan ulus zaminida mangu orom olayotir. Afsuski, Chingizxonning o‘zining ham, boshqa uchta o‘g‘illari — To‘le, Ugedey, Chig‘atoylarning ham yer yuzasidagi qabrlaridan nom-nishon qolmadi.
   Aytmatov. Aytishadiki, shafqatsiz hukmdor o‘zidan keyin yomon ishlarini, olijanob hukmdor esa yaxshi nomini qoldiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:31:21
   Shoxonov. Xayolan keyingi besh asrga nazar tashlansa, Turkiston xalqlari otdan tushmaganiga guvoh bo‘lish mumkin. Jangi jadal bilan ular hatto nafaslarini rostlash uchun ham fursat topolmaydilar. Bizga ma’lumki, so‘nggi xonliklar davrida tili, dini bir bo‘lgan turkiy xalqlar o‘rtasida tez-tez qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Shu bois qozoqlar tarixida birinchi bo‘lib uchta juzni birlashtirgan Abulxayrixon alohida o‘rin tutadi. Bir tarafdan Xitoy bilan Jungariya, boshqa tarafdan Rossiya imperiyasi iskanjasi ostida bo‘lgan xalq xuddi o‘tkir tig‘ ustida turgandek tuyulardi. XVIII asrda bizning xalqimiz faqat nayzayu qiyshiq qilich bilan qurollangan bo‘lib, yaydoq sahrodan boshqa boyligi yo‘q edi.
   Abulxayrixonning oqilona siyosati tufayli dushmanlar qurshovida qolib, Sirdaryo sohillari bilan Olatov o‘rtasida sarsari kezayotgan xalq ommaviy qirg‘indan qutqarib qolinadi. Hukmdorning qizg‘in muhabbati vatandoshlarining qalbida o‘chmas iz qoldiradi.
   Garov sifatida o‘z o‘g‘lini topshirgach, Xitoy bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan Abulxayrixon ayni paytda Rossiyaga ham elchilarini jo‘natadi. Ikki «arslon» o‘rtasida yashayotgan Abulxayrixon navbati bilan har ikki yirtqichning yolini silab turardi. Lekin ular vaqti-vaqti bilan qozoqlarga qarshi qalmiqlarni gij-gijlab qo‘yishar, urug‘lar o‘rtasidagi qirg‘in-barot urushlarni avj oldirib yuborishar edi.
   Bir qancha ikkilanishlardan so‘ng Abulxayrixon Rossiyaga qo‘shiladi: xuddi o‘z paloponlarini avaylab-asragan qush kabi xalqni himoya qiladi va tarqoqlashgan urug‘-aymoqlarning boshini qovushtirib, markazlashgan davlat tuzadi. Tarixda buyuk sarkarda, usta diplomat sifatida yorqin iz qoldiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:33:39
   Aytmatov. Keyingi paytlarda: «Siyosat — iflos ish» degan ibora paydo bo‘ldi. Darhaqiqat, agar ko‘rnamak, axloqsiz, g‘araz niyatli kimsalar siyosat bilan shug‘ullansalar, mamlakat tanazzulga yuz tutadi. Hukmdorning obro‘-e’tibori bir pulga qimmat bo‘lib qoladi. Xuddi o‘shanday hukmdorlar to‘g‘risida boyagi ibora juda topib aytilgan.
   Lekin, sen eslatib o‘tgan Abulxayrixon oliyjanob, go‘zal hukmdorning namunasidir. Hamma zamonlarda va hamma xalqlar orasida unday hukmdorlar ham bo‘lganlar.
   Masalan, 808—814 yillarda Frantsiyaga Karl hukmdorlik qilgan. Bo‘lajak qirolning otasi Pipin negadir o‘z o‘g‘lining savodxon bo‘lishini istamaydi. Qiziq, taxtga o‘tirgan paytida faqat «a» harfining yozishni biladigan Karl keyinchalik mustaqil ravishda yunon va lotin tillarini o‘rganadi, o‘sha tillarda bemalol o‘qiydigan bo‘ladi.
   U hukmdor bo‘lgan yillarda Frantsiya kuch-quvvatga to‘ladi. Ayniqsa, ilm-fan, san’at, hunarmandchilik gullab yashnaydi. Chunki, qirol o‘z mamlakatining ahli donishlari, ma’rifatli zotlari — olimlar, shoirlar, me’morlar bilan do‘st tutinadi. Ulardan o‘rgangan bilimlarini mamlakat taraqqiyoti yo‘lida sarflaydi.
   Aytmoqchi, boya eslatib o‘tganing Abulxayrixon ham Buxorjirov ismli donishmand va xalq botirlari, askiyachilar bilan yaqin aloqada bo‘ladi. Davlat ishlarini hal etishdan avval ularning pand-nasihatlariga quloq soladi.
   Qirol Karl bir nechta chet tillarni bilardi. Qabuliga tinimsiz oqib keladigan ko‘pgina xorijiy elchilar bilan bemalol gaplashardi. Xotirasi hayron qoladigan darajada mustahkam edi: kimga, qachon, qanday davlat ahamiyatiga molik vazifani topshirganini, topshiriqlari qanday yo‘sinda, qay darajada bajarilganini mudom yodida saqlardi. O’zi tuzgan armiyadagi ming-minglab oddiy askarlarning nomlarini bilardi. U hukmdor bo‘lgan yillarda hech kimning iltimosi oqibatsiz qoldirilmasdi. Hatto dushmanlari ham uning aql-idrokiga tan berishardi.
   Mana, oradan necha asrlar o‘tib ketgan bo‘lsa hamki, Karlning nomi Frantsiyada, Yevropada hurmat bilan tilga olinadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:34:53
   Shoxonov. Dunyo tarixida bunga o‘xshagan yaxshi misollar oz emas.
   Mashhur Rim imperatori Vespasian Titning o‘g‘li bor-yo‘g‘i ikki yil hukmdorlik qilgan bo‘lsa-da, ammo o‘zining odmiligi, kamtarligi, mehnatsevarligi bilan jamiki rimliklarning muhabbatini qozonadi va olijanob inson degan nom oladi. Naql qilishlaricha, kunlardan bir kun Tit mulozimlari qurshovida Rim ko‘chalaridan o‘tib borayotgan ekan. Shu payt tomoshabin olomon orasidan bitta tilanchi bola ajralib chiqadi-da imperatorga salom berish uchun qo‘lini uzatadi. Titning soqchilaridan biri qilichini yalang‘ochlab o‘smir ustiga tashlanadi.
—To‘xta! — deb qichqiradi imperator. — Bolaning aybi bormi?
—Surbetlarcha Sizga qo‘l uzatib turganining o‘zi ayb emasmi, janob?!
—Mening mamlakatimning farzandi odob yuzasidan shunday qilyapti. Agar uning qo‘lini siqib qo‘ymasam, demak o‘zim tarbiyasiz ekanman.
   Tit o‘smir bilan jonligina so‘rashadiyu so‘ng erkalatib yelkasiga qoqib qo‘yadi va:
   —   Agar men imperatoru manavi o‘smir tilanchi bo‘lsa, nachora, xudoning amri shunday bo‘lgan ekan, Yaltiroq kiyim-bosh insoniylik belgisi bo‘lmagani kabi juldurvoqa kiyim ham betamizlik belgisi bo‘lolmaydi, — deydi-da Tit soqchiga o‘qrayib qaraydi.
   Shu payt: «Titga shon-sharaflar bo‘lsin!» degan xitob qadimiy Rim ko‘chalari bo‘ylab osmonga o‘rlab ketadi.
   Hatto imperatorning o‘zi bilan ham qo‘l berib ko‘rishish mumkinligidan hayratga tushgan odamlar darhol Tit bilan so‘rashish uchun navbat hosil qiladilar.
   Umrining har bir daqiqasi hisob-kitob qilingan, har kunini xalqqa g‘amxo‘rlik qilish bilan o‘tkazadigan Tit tasodifan bir kunni bekorchilikda o‘tkazadi. Kechga yaqin shunday holni sezib qolib:
   — Do‘stlarim, men bugun bekorga yashadim! — deydi dahshatga tushib.
   Qirol Siamning oila a’zolari begona odamlarning o‘zlariga qo‘l tekizishini qat’iyan ta’qiqlab qo‘ygan edilar. Bundan faqat bir nechta mulozim istisno etilardi. Qo‘l berib ko‘rishishgina emas, hatto tasodifan ko‘ylakka tegib ketish ham man etilgandi. Bunday manmanlikning oxiri voy bo‘lishi turgan gap edi.
   Ajoyib yoz kunlarining birida qirolicha Sunanda qayiqda ko‘l bo‘ylab sayrga chiqadi. Qo‘qqis kuchli shamol esadiyu qayiqni ag‘darib yuboradi. Zoti oliyalarining jon holatdagi qichqiriqlarini eshitib, yuzlab saroy xizmatkorlari sohilga yugurib keladilar. Biroq, hech kim suvga o‘zini tashlab, qirolichani qutqarib olishga jur’at etolmaydi. Chunki, har bir kishi qirolichaning ko‘ylagiga tasodifan qo‘l tegib ketsa qanday og‘ir jazoga giriftor bo‘lishi mumkinligini juda yaxshi bilardi.
   Nima qilmoq kerak? To‘s-to‘polon payti kimdir qirolning yaqin mulozimlaridan bittasini chaqirib kelgani chopib ketadi. Ammo, istisno qilingan zot yetib kelguncha qirolicha suvga cho‘kib o‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:37:13
   Aytmatov. Shaxsiy hayotida ham, mamlakat rahbari sifatida ham odob doirasidan chetga chiqmaydigan, adolatparvar gertsog Lyuksemburgskiy hukmdor bo‘lgan davrida doim izzat-hurmatda yurardi. Umuman, «buyuk gertsog» — «Grandyuk» degan ibora bu xalq uchun davlatning dog‘ tushmagan pokiza timsoli hisoblanadi. Hokimiyat tepasiga kim kelishidan qat’i nazar, avvalo, mana shunday talablarga javob berishi kerak.
   Sobiq SSSRning Lyuksemburgdagi elchisi lavozimida ishlagan paytlarim bildimki, bu mamlakatda turli yo‘nalishdagi partiyalar ham ko‘p, muxolifat kuchlar ham bisyor ekan. Biroq, ularning hammasi uchun gertsog yagona, hamma uchun yuksak e’tibordagi shaxs hisoblanadi. Shu bois u bir odamni yaxshi ko‘rib, boshqasini yomon ko‘rishga haqli emas. Kundalik gazetalarda har xil qarama-qarshi mulohazalar to‘lib-toshib chiqadi, lekin bu zotning izzat-nafsiga tegadigan birorta ham salbiy mulohazani uchratmaysiz. Bu hol demokratiyaning yo‘qligi uchun emas, aksincha, demokratiyani hamma birdek hurmat qilayotgani tufayli bo‘lyapti.
   Shoxonov. Aftidan, demokratiyaning haqiqiy timsoliga aylanib qolgan yetakchigina mana shunday hurmat-e’tiborga sazovar bo‘lsa kerak?
   Aytmatov. To‘g‘ri. Gertsog Lyuksemburgskiyning eng asosiy hayotiy shiori — halollik va adolat.
   Muomalada oddiyligi, kamtarligi esimda saqlanib qoldi. Lyuksemburgda suv toshqini ro‘y berib, aholi ogir ahvolga tushib qolgan kezlari gertsog o‘z rafiqasi bilan odamlar orasida bo‘ldi. Ular oyoqlariga rezina etik kiyib olishib, ko‘chama-ko‘cha yurdilar, kasalxonalarga bordilar, odamlarning holini so‘radilar. «Gumanitar yordam» deb ataladigan ko‘mak darhol kishilarga yetkaziladi. Menimcha, Lyuksemburgda yashaydigan har bir fuqaroga bundan ortiq otalarcha gamxo‘rlik ko‘rsatib bo‘lmasa kerak.
   Shoxonov. Iloyim, katta ko‘chada tilanchi bilan qo‘l berib so‘rashgan zotning odmiligi, ma’rifatsiz xalqning g‘amini yeb qayg‘urgan zotning shaxsiy javobgarlik tuyg‘usi, toshqin payti rezina etik kiyib olib, ko‘chama-ko‘cha yurgan zotning mehribonligi boshqa prezidentlarga, davlat boshliqlariga ham yuqib qolsin!
   Aytmoqchi, Chike, Siz Lyuksemburgning eng oliy ordeni bilan mukofotlangan edingiz, chog‘i? Shunday emasmi? Xorijiy mamlakatda elchi maqomida bo‘lgan yozuvchining faxriy mukofotga sazovor bo‘lishi kamyob hodisa hisoblanadi. O’sha mukofotni «Grandyuk»ning shaxsan o‘zi topshirgan bo‘lsa kerak?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:41:12
   Aytmatov. Ha, shunday bo‘lgan. «Buyuk xizmatlari uchun katta xoch» ordenini shaxsan Grandyuk janoblari topshirganlar. Bu mening hayotimda unutilmas voqea bo‘ldi. Lyuksemburgga o‘xshagan mamlakatlarda bilimdonlik, madaniyat, dunyoga falsafiy nuqtai nazardan baho bera olish kabi fazilatlar hukmdorlarning asosiy xususiyatlari hisoblanadi.
   Shoxonov. Davlat rahbarlari faylasuf bo‘lishlari kerak.
   Eramizdan avvalgi 551—479 yillari Xitoyda mashhur faylasuf, mutafakkir Konfutsiy yashagan. Qadimiy Xitoyning ko‘plab hukmdorlari o‘z faoliyatlari davomida uning vasiyatlariga, ko‘rsatmalariga amal qilganlar. Xitoyning zolim hukmdorlaridan bittasi Konfutsiyga nisbatan hurmat-ehtiromini bayon etib:
   «Agar mamlakatni boshqaruv jarayonida xatoga yo‘l qo‘ysak, buyuk ustozimiz bizning gunohimizni aslo kechirmaydi», degan ekan. Hukmdorlik, davlatni boshqarish san’atiga bag‘ishlangan Konfutsiyning fikr-mulohazalari juda ibratli. Ayniqsa, o‘n sakkiz ming nafar donishmand zamondoshlari to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari hozir dunyodagi deyarli barcha tillarga tarjima qilingan.
   «Har bir kishi o‘z zimmasidagi vazifani halol ado etmogi lozim. Hukmdor — davlatni boshqaradi, hunarmand — o‘z hunari bilan mashg‘ul bo‘ladi, ota o‘zining otalik burchini bajaradi, o‘g‘il esa o‘zining farzandlik burchini ado etadi. Agar hayotning mana shunday oddiy qonunlari buzilsa, davlat ich-ichidan irib-chirib ketadi. Tartib-intizom, o‘zaro hurmat yo‘qoladi. Mamlakatda nifoq, urush-janjal, fitna avj oladi. Misli kurinmagan yong‘in ham kichik uchkundan chiqadi...»
   Konfutsiyning vasiyatlari hozir ham insoniyat uchun foydali hisoblanadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:42:48
   Aytmatov. Menimcha, mamlakatni boshqarish imkoniyati faqat har xil mansablarda ilgari sinovdan o‘tgan, hayotning issiq-sovug‘ini totib ko‘rgan, siyosat qozonida qaynagan, aql-idrok bilan ma’rifatni, donishmandlik bilan ko‘ngli kenglikni o‘zida mujassamlashtirgan, zamondoshlaridan bir o‘q balandligida ajralib turadigan insonga nasib etishi kerak.
   Muxtor, sen bilan bizdan ko‘ra, toj-taxt sohiblariga bu yo‘lni bosib o‘tgan kishilar sifatida barcha qiyinchiliklar, g‘ov-to‘siqlar ko‘proq ma’lum bo‘lsa kerak. Axir, xalqimiz: «Bitta xonning aqli qirq kishiga yetadi», deb bejiz aytmagan.
   Turkiy xalqlarda ayol kishidan chiqqan xonlar, beklar, hukmdorlar juda kam bo‘lishgan. Lekin, Yevropa mamlakatlarida, Rossiyada ayol-hukmdorlar ko‘p uchraydi. Xuddi shu ma’noda oqila, irodali qirg‘iz ayoli Qurmonjon dodxo baayni arpazordagi bir tup bug‘doyga o‘xshaydi. Qurmonjon o‘zi eri Olimbek dodxo bilan o‘ttiz besh yil birga yashagan. Ularning Abdullabek, Botirbek, Mamatbek, Hasanbek, Qamchibek ismli beshta o‘g‘li, ikkita qizlari bo‘lgan.
   Qo‘qon xoni Xudoyorning xufya jallodlari tomonidan Olimbek qatl etilgach, Oloy xalqi o‘z xohishi bilan ellik ikki yashar ayolni erining o‘rniga dodxo etib saylaydi. Qurmonjon dodxo hokimiyat tepasiga kelgan davrda qirg‘iz xalqi bir tomondan Rossiya imperiyasi, ikkinchi tomondan Qo‘qon xonligi zulmi ostida ezilib yotardi. Omilkor diplomat, ayol, ona va yo‘lboshchi bo‘lgan Qurmonjon dodxo juda ustalik qilib qirg‘izlar bilan Qo‘qon xonligi, Qoshg‘ar, Buxoro o‘rtasidagi dushmanlik harakatlariga barham beradi va o‘zaro shartnomalar tuzib, do‘stlik aloqalari o‘rnatadi. 1864 yilda Buxoro amiri Said Muzaffar o‘z tomonidan ham ayolga «dodxo» (general) unvonini beradi. Ikki tomonlama zulm ostida qolgan xalqning ozodligi yo‘lida matonat namunalarini ko‘rsatgan Qurmonjon dodxo siyosiy jihatdan ham sabr-toqatli edi. O’sha zamon nuqtai nazaridan eng yangi qurol-yaroq zahirasiga ega bo‘lgan va qirg‘izlarni togma-tog‘ ta’qib etgan rus zobitlari ham dodxoning jasoratiga tan beradilar. Turkiston o‘lkasini har tomonlama o‘rganib, 1889 yili Qozon shahrida «Oloy malikasi» nomli kitob nashr qilgan harbiy mutaxassis G.N. Taube Qurmonjon dodxo faoliyatiga yuksak baho beradi.
   Biroq, dodxo bilan Rossiya mustamlakachilari o‘rtasidagi munosabatlar baribir omonat bo‘lib qolaveradi. Qurmonjonni noyob iste’dod sohibasi, ulkan tarixiy shaxs sifatida chin dildan hurmat qiladigan Turkiston general-gubernatori fon Kaufman ko‘pdan buyon rus askarlariga qarshi kurashayotgan dodxoning o‘g‘lonlari Abdullabek va Qamchibek taqdiriga doir makkor shartnomaga imzo chekishga majbur qiladi. Dodxoning boshqa bir o‘g‘li Mamatbek va Mirzafayoz, Arslonbek ismli nabiralari Sibirga surgun qilinadilar. Kenja o‘g‘li Qamchibekni esa ruslar O’shda dorga osadilar. O’g‘lining dorga osayotganlarini dodxo o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turgan. Ruslar Qurmonjonni ona uchun eng og‘ir bo‘lgan jazoga mahkum etganlar: o‘z o‘g‘lining qatl qilinishini miq etmasdan kuzatib turadi. O’sha dahshatli voqeaga guvoh bo‘lgan bir kishi o‘z xotiralarini bunday tarzda bayon qiladi: «Agar Qurmonjon dodxo shunchaki imo-ishora qilib qo‘yganda edi — bas, qadimdan buyon kurashib yurgan biz jangchilar bunday isnoddan ko‘ra, jangda o‘lmoqni afzal deb bilar edik! «Xaloyiq, qo‘zg‘oling, otga mininglar!» deyilsa kifoya, shak-shubhasiz, Oloyning jamiki qirg‘izlari otlarini egarlashardi. Shunda u o‘z o‘g‘lini ham qutqarib qolardi». Biroq, xalqning minglab asil o‘g‘lonlari, qizlari qurbon bo‘lgandan ko‘ra, dodxo o‘z o‘g‘lining qurbon bo‘lishini afzal deb biladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:45:46
   Shoxonov. Ruslar tarixida ham xuddi Qurmonjon dodxo kabi hatto o‘z soyasi bilan xalqini himoya qilgan fojiali shaxslar bo‘lgan. O’shalardan biri — 1855 yili taxtga o‘tirgan ikkinchi Aleksandr edi. Oxir-oqibat o‘zi joriy qilgan ozodlikning qurboni bo‘ladi. Ayni chog‘da u murakkab shaxs edi: Rossiya imperiyasining chekka o‘lkalarida yashaydigan mustamlaka zulmi ostidagi kichik xalqlar boshiga juda ko‘p musibatlar keltiradi. Bu podsho bepoyon imperiya hayotiga ulkan o‘zgarishlar olib kiradi. Dastlab, u harbiy xizmat muddatini yigirma besh yildan olti yilga qisqartiradi. O’z muddatini o‘tab bo‘lgan askarlarni ommaviy ravishda temir yo‘l qurilishiga jalb etadi. Juda ko‘plab zavod-fabrikalar bunyod etiladi. Ishsizlar miqdori kamaytiriladi, xalqning turmush darajasi yaxshilanadi. Xalq ta’lim oladigan o‘quv yurtlarining soni ikki mingtaga, ayollarning maktablari uch yuztaga yetadi. Imperiyaning hamma o‘lkalarida yetti yuzdan ortiq gazeta-jurnallar muntazam nashr etilib turadi.
   Ikkinchi Aleksandr hukmronlik qilgan yillarda Rossiyada ellik million nafar krepostnoy dehqon bor edi. Pomeshchiklar tomonidan shafqatsizlik bilan ezib tashlangan dehqonlar tez-tez qo‘zg‘olon ko‘tara boshlaydilar.
   Ba’zan yaxshilik xam yomonlik bo‘lib qaytishi mumkin ekan. «Xalq irodasi» nomli odamkushlar guruhi tomonidan 1881 yilning 1 yanvar kuni imperator ketayotgan faytonga bomba tashlanadi. Podsho og‘ir yarador bo‘ladi. Bu arzon-garov qullaridan ajralib qolgan boylarning qahr-g‘azabidan nishona edi. Shunday qilib, o‘zining qashshoq xalqiga mehr-shafqat ko‘rsatgan ikkinchi Aleksandr o‘zi hadya etgan ozodlikning birinchi qurboni bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:47:19
   Aytmatov. Imkoniyat bo‘lib qolgan paytda hamqishloqlarim bilan bir dasturxon tevaragida o‘tirib, uzoq suhbatlashdik. Gapdan gap chiqib, turli zamonlarda, turli xalqlar orasida o‘tgan hukmdorlar, donishmandlar to‘g‘risida fikr almashdik. Stalinni ham eslashdik. Shunda bitta chol soqolini asta silab qo‘yib, tubandagi afsonani so‘ylab berdi.
   «Bir kuni Stalin mas’ul xodimlarni xonasiga to‘playdi-da: «Qarasam, xalqni qanday boshqarish to‘g‘risida bosh qotirib yuribsizlar. Hokimiyat tepasidagi podsho xudo emas, lekin xudodan kam joyi xam yo‘q, Qo‘l ostingdagi xalq butunlay senga itoat etishi uchun nima qilmoq kerak? Ko‘rinib turibdiki, bilmaysizlar. Hozir men sizlarga ko‘rsataman...» U bitta tovuq olib kelinglar, deb amr qiladi. Xonaga tovuq keltiradilar. U tovuqni qo‘liga olib, shafqatsizlik bilan patlarini yulib tashlaydi. So‘nggi pati yulib olingan tovuq qip-qizil go‘shtga o‘xshab qoladi. Stalin tovuqni yerga qo‘yadi-da: «Endi qarab turinglar-chi, bu tovuq qayoqqa borar ekan?», deydi. Azob-uqubatlarni boshidan kechirgan tovuq bechora qayoqlargadir qochib ketmoqchi bo‘ladi-yu, lekin oftobga chiqsa — issiq kuydiradi, salqin joyga borsa — sovqotadi. Hafsalasi pir bo‘lgan tovuq, nihoyat, Stalinning oyoqlari ostiga kelib jon saqlaydi. Shunda dohiy cho‘ntagidan bir siqim don chiqaradi-da tovuqning oldiga sochib qo‘yadi va o‘zi xona bo‘ylab uyoqdan-buyoqqa borib kelaveradi. Anavi sho‘rlik tovuq ham dohiy orqasidan bir qarich uzoqmasdan ergashib yuraveradi. Stalin og‘zini ochib o‘tirgan xodimlar qarshisiga kelib to‘xtaydiyu: «Qalay, ko‘rdilaringmi? Xalq ham mana shu tovuqqa o‘xshaydi. Xalqning ham patini yulib, qo‘yib yuborish kerak. Shunda uni boshqarish oson bo‘ladi».
   Uydirma afsonaning haqiqatan ham bo‘lganiga chippa-chin ishongan oqsoqollar dohiyning aql-idrokiga qoyil qolishib: «Topqirligini qaranglar-a!» deyishdi yoqalarini ushlab. «Hayotda bunga misollar yo‘qmi? Stalin bag‘oyat dono odam bo‘lgan! Bitta misol bilan hokimiyatga talabgor bo‘lib yurgan do‘stlarini mot qilib tashlaydi!»
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:48:44
   — Afsona bo‘lsa ham, hammasi to‘ppa-to‘g‘ri. Aslida, shunaqa hodisani o‘zimiz boshimizdan kechirganmiz, — dedi boshqa bir chol. — Axir, oz-moz moli bo‘lgan otalarimizni kechagina kulak deb ayblashmasmidi?! Ularni ham aynan pati yulingan o‘tpa tovuqqa o‘xshatib qo‘yishdi-ku! Bo‘lmasam, bizning qanotimizni kesib, patimizni yulib o‘tirishga na hojat bor edi? Dastlab, sovet hukumatining o‘zi bizga yer berdi. «Bug‘doy ekinglar. Oilangizni boqinglar. Ortganini davlatga topshirasizlar», deyishdi. Asta-sekin omborxonamiz donga to‘ldi, mollarimiz semirdi, boylik to‘play boshladik. Shu payt birdan: «hay, sen mushtumzo‘r ekansan-ku!» deb och biqinimizga musht tushirdilar. Birovning mol-mulkini, uy-joyini tortib olishga kimning haqqi bor?! Agar boylik to‘plagan bo‘lsak, buni halol peshona terimiz bilan to‘plaganmiz-ku! Keyin ma’lum bo‘ldiki, biz qornimizni to‘ydiramiz deb, o‘zimizga o‘zimiz balo orttirib olibmiz. Uyalmay-netmasdan odamlarni qamoqxonalarga tashladilar, Sibirga surgun qildilar. Qanchadan-qancha begunoh insonlarni otib o‘ldirdilar. Kimning oyoqqa turib olgan, boy xo‘jaligi bo‘lsa, o‘shani birinchilar qatorida yo‘qotishdi. Birovning tomorqasida maysa ko‘karib turganini ko‘rsa ham, birov oz-moz boylik to‘plaganini ko‘rsa ham hasadgo‘yligi qo‘zib, tun bo‘yi uxlamay chiqadigan murtad kimsalarning kuni tug‘di. Xalqning taqdiri o‘shalarning qo‘liga qarab qoldi. Birov otidan mahrum bo‘ldi, birov chakmonidan. Boshimizni suqib o‘tiradigan uyimiz ham, ishlaydigan yerimiz ham qolmadi, hammasidan ajraldik. Lekin, oradan bir-ikki yil o‘tar-o‘tmas bizning otalarimizni mushtumzo‘r sifatida gumdon qilib yuborgan hasadgo‘ylarning o‘zlari ham aybdor deb topildiyu darhol sud qilinib, paq-paq otib tashlandi. Ocharchilikka yo‘liqqan xalq har tarafga sochilib ketdi. Ko‘pchilik esa o‘sha pati yulingan tovuqqa o‘xshab, tirikchiligini arang o‘tkaza boshlaydi: ularni issiq-sovuqdan hech kim himoya qilmaydi.
   «Ko‘ngilga to‘planib qolgan gaplar qimizning ostidan otilib chikadi», deyishadi. Mana, chollarning ko‘nglida tuplanib qolgan gaplar ham vaqirlab qaynayotgan qozon kabi sira to‘xtamasdi, bahs-munozaralar uzoq davom etadi. Juda ko‘p ko‘ngilsiz voqealar hikoya qilindi, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yovuzliklar fosh etildi. Joylarda qanday qilib «xudosizlar qo‘mitasi» tuzilganini va ular qanday yo‘sinda iymon-e’tiqodni toptaganlari xususida gapirdilar. Dasturxon atrofida bo‘lib o‘tgan o‘sha suhbat jarayonida birtalay taniqli zotlarning asl basharalari ochilib qoldi: kim kimni qamatib yuborgan, kim kimning o‘limiga sababchi bo‘lgan; kimning yostiqlari, gilamlari, samovarlari kimning uyiga kirib ketgan, xullas, hamma-hammasi ochilib qoldi. Nazarimda, allaqachon o‘lib ketgan kimsalar yotgan qabrlarda bu dunyodagi yovuzliklari uchun o‘zlarining sha’niga aytilgan la’natlarni eshitgan bo‘lsalar ajab emasdi. Aksincha, bu dunyoda yaxshilik qilib ketgan ko‘pchilik marhumlarning nomlari minnatdorlik bilan esga olindi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:50:54
   — E-e, u ajoyib inson edi. Odamning joni edi go‘yo! Qo‘shga qo‘shilgan ho‘kiz kabi butun xalqni o‘z orqasidan tortib yurardi. Eh, u hali uzoq yashashi kerak edi!
   Xalq uchun qilingan yaxshilik ham, yomonlik ham hech qachon odam bilan birga go‘rga kirib ketmaydi. Tiriklar hammasini xotirada saqlaydilar.
   O’n marta, ehtimolki, ellik marta shunday fikrni xayolimdan o‘tkazdim.
   Ha, sovet tuzumi davrida ham bizning xalqimiz og‘ir yillarni boshidan kechirdi. Insoniyat hayotidan din sitib chiqarilsa, uning o‘rnida hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq paydo bo‘ladi. Hozir shu gapning teskarisini isbotlaydigan bir misol esimga tushib qoldi.
   Lyuksemburgda elchi bo‘lib yurgan kezlarim bir kuni Olmoniyaning o‘sha paytlardagi Prezidenti Vaytszekker qabulxonasidan telefon qilib qolishdi: «Katoliklar Akademiyasida madaniyat namoyandalarining katta uchrashuvi bo‘ladi. Bizning Prezidentimiz Sizni faxriy mehmon sifatida uchrashuvga taklif qilyaptilar. Janob Vaytszekker ko‘pdan buyon Siz bilan shaxsan tanishishga orzumand bo‘lib yuribdilar», deyishdi. Mamnuniyat bilan taklifga rozi bo‘lib, yo‘lga chiqdim. Boya aytganimdek, Vaynburgdagi katoliklar Akademiyasida yig‘ilish bo‘ldi. Shaxsan Prezidentning o‘zi nutq so‘zladi. Barcha xalqlarning, dinlarning ma’naviy merosi yagona ekani to‘g‘risida jonli hikoya qilib berdi. Vaytszekker ma’rifatli inson ekan: jahon adabiyoti va madaniyati bilan yaxshi tanish bo‘lib chiqdi. Tarixiy va madaniy ildizi bitta bo‘lgan G’arbiy Yevropa xalqlari qadim zamonlardan buyon madaniy va diniy jihatdan hech qachon bir-biriga ayricha munosabatda bo‘lmaganlar. Ular bir-biriga chatishib ketgan. Mening nazarimda, kamolot yo‘llarini qidirayotgan madaniyat uchun din hidoyatga boshlovchi nur vazifasini ado etadi. O’sha kunlari xayolimga bitta fikr mahkam o‘rnashib qoldi: millatlar ruhiy olamning har ikki ajralmas javharini qalbiga jo etib olishlari lozim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:51:59
   Shoxonov. Xuddi mana shu holat millat taraqqiyoti uchun yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilajak. O’z hayotimda ro‘y bergan bir voqea to‘g‘risida gapirib bermoqchiman. Ehtimol, bu ham teskari misol bo‘lishi mumkin.
   Har yili o‘tkaziladigan va an’anaga aylanib qolgan Pushkin she’riyati kunlari, odatda, Pskov viloyatida boshlanadi. Mashhur Maydonda yigirma-yigirma besh ming nafar ixlosmandlar to‘planadi. She’r o‘qiydilar, eshitadilar. G’ala-g‘ovur ko‘tarishib she’riyat bayramini boshlab yuboradilar. Keyin bayram Moskvada, Kengashlar saroyining kolonna zalida davom etadi. Yer yuzining turli burchaklaridan tashrif buyurgan shoirlar navbati bilan she’r o‘qiydilar. Ba’zan o‘sha bayram Markaziy televidenie orqali butun Sovet Ittifoqiga namoyish etilardi.
   O’sha she’riyat anjumanida bir marta O’rta Osiyo respublikalari va Qozog‘iston nomidan kamina ishtirok etdim. Navbatim yetgach, minbarga ko‘tarildim-da «So‘z mas’uliyati» she’rimni o‘qib berdim. Biroq,

   Hushyor bo‘ling so‘z qadriga yetmaganlardan.
   Xavflidir rahbar bo‘lsa undayin odam:
   mansabini yillab bermasa,
   xalqni ham urar xudoyim,


   misralarini o‘qiyotgan paytimda beixtiyor o‘sha paytlardagi Pskov viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi o‘tirgan rayosat tomonga qaratib qo‘limni silkitib yubordim. Tinglovchilar she’rimni gulduros qarsaklar bilan kutib oldilar. Muxlislarimga minnatdorlik izhor etib, rayosatning ikkinchi qatoridagi o‘z joyimga qaytib kelib o‘tirdim. Bir ozdan so‘ng yonimga notanish bir kishi o‘qday uchib keldi-da:
   —   Tashqariga chiqing, — dedi po‘pisa aralash. Qarasam, qiyofasi jiddiy. Tishlarini g‘ijirlatib turibdi.
   Tashqariga chiqdik.

Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 17:52:45
   —   She’r o‘qiyotgan paytingizda nima uchun qo‘lingiz bilan birinchi kotib o‘tirgan tomonni ko‘rsatdingiz? — deb so‘radi u.
   Shundan keyingina nima bo‘lganini tushunib yetdim. Tasodifni qarangki, Pskov viloyatining boshlig‘i ko‘p yillardan beri o‘z mansabida muqim o‘tirgan ekan. Boyagi she’rimni uning o‘zi ham, rayosatda o‘tirgan sheriklari ham ma’lum bir g‘arazli ma’noda qabul qilibdilar.
   —   Bundan keyin biz sizga so‘zlash uchun navbat bermaslikka qaror qildik. Butun Ittifoqqa ko‘rsatiladigan teleko‘rsatuvdan she’ringiz batamom olib tashlanadi, — dedi partiya rahbarining chopari.
   Kulishimni ham, yig‘lashimni ham bilmay qolgan paytimda qo‘qqis qadimiy afsona yodimga tushib qoldi.
   «Qadim zamonda bitta qudratli xon bizning xalqimizni o‘ziga buysundirishga ahd qilib, son-sanoqsiz askarlarini chegaramizga keltirib qo‘yadi. So‘ng bir necha ayg‘oqchini qoshiga chorlab: «Bilib kelinglar-chi, bizga qarshi turgan dushmanning qancha kuchi bor ekan?» deydi.
   Ayg‘oqchilar qaytgach, xon o‘z huzuriga vazirlarini, sarkardalarini chaqirtiradi.
   —   Xo‘sh, nima gap? Qani, boshlanglar! — deydi xon.
   —   Biz juda ko‘p joylarda bo‘ldik, — deydi ayg‘oqchilardan biri. — Bir gal katta ziyofatning ustidan chiqib qoddik. Xalqning hukmdori ham o‘sha yerda edi. Ziyofat avjga chiqqan paytda o‘tovga do‘mbira ushlagan o‘n olti yoshlar chamasidagi bir o‘smir kirib keldi. To‘rida o‘tirgan hukmdor nariroq siljib, anavi bolaga yonidan joy berdi. Biz bunday holdan hayron bo‘lib: «Mishiqi bir bolaga namuncha izzat-ikrom ko‘rsatilmasa?!» deb so‘radik yonimizdagi sahroyilardan. «Axir, u bizning shoirimiz-ku!» deb g‘urur bilan javob qaytarishdi.
   —   Agar ularning hukmdori shu darajada ahmoq bo‘lsa, demak biz bu xalqni telpagimiz bilan urib yengishimiz mumkin! Olampanoh, ijozat bersangiz, hoziroq askarlarimni jangga tashlayman! — deydi sarkarda ko‘zlari chaqnab.
   Shu paytgacha miq etmay o‘tirgan xon sarkardaga boshdan-oyoq sinchkov nazar tashlaydi-da:
   —   Yo‘q! — deydi. — Askarlarni orqaga qaytaring! O’z shoirlarini o‘zining ma’naviy boyligini bu qadar e’zozlaydigan xalqni, madaniyati bu qadar yuksak taraqkiy etgan xalqni qirib yuborish mumkin, lekin aslo yengib bo‘lmaydi!»
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 18:09:05
   Aytmatov. Afsuski, insoniyat tarixida o‘tgan va faqat ma’naviy boylikka xo‘jako‘rsin uchun emas, chin dildan suyangan, ma’naviyatni bayroq qilib olgan hukmdor shu qadar kamchilikni tashkil etadiki, ularni barmoq bilan sanash mumkin.
   XX s’ezddan keyin Stalin jodisidan qutildik, ozodlik nafasini his eta boshladik. Lekin, maynabozchilikni yengib o‘tolmadik.
   Shoxonov. Bir guruh gapga chechan xushomadgo‘ylar bilan laganbardorlar yordamida hatto aqlan zaif va jismonan ish qobiliyatini yo‘qotgan kimsa ham donishmand hukmdor qiyofasida yurishi mumkinligini L.I. Brejnev isbotlab berdi. Markazqo‘mning har bir qurultoyi, plenumi, har qanday yirik anjumanlar asosan hamd-sano o‘qishga bag‘ishlanardi. Brejnev esa o‘sha chuchmal maqtovlarni jon qulog‘i bilan tamshanib tinglab o‘tiraverardi. Bunday maqtovlar xuddi Qizilqumning qaqrab yotgan barxanlariga o‘xshardi: qancha suv to‘kilsa, hammasini qum yutib ketaveradi. Shunday qilib, tarixiy sahnada shu paytgacha ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan masxarabozlik tomoshasi namoyish etildi.
   Taniqli qozoq olimi, akademik Manash Qoziboev o‘zining «Brejnev va Qozog‘iston» nomli maqolasida qiziq bir voqea to‘g‘risida hikoya qiladi.
   Ukraina SSRga «Xalqlar do‘stligi» ordenini topshirish marosimiga bag‘ishlangan Kievda bo‘lib o‘tgan tantanali majlis chog‘ida Bosh kotib L.I. Brejnevning nutqi o‘ttiz besh marta qarsakbozlik oqibatida uzilib qoladi. O’sha tantanalardan bir oz fursat o‘tgach, 1974 yilning 15 mart kuni qo‘riq yerlar o‘zlashtirilishi boshlanganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan Qozog‘istonda ham tantanali anjuman bo‘lishi, unda Brejnev ishtirok etishi lozim edi. Qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish tashabbusini boshlab bergan Qozog‘iston tantanalarga ko‘tarinki ruhda tayyorgarlik ko‘radi. Respublika kompartiyasi Markazqo‘mining mafkura bo‘yicha kotibi S.Imashev maxsus kengash chaqirib, Brejnevga ukrainlardan ham o‘tkazib izzat-hurmat ko‘rsatish to‘g‘risida mas’ul xodimlarga qat’iy topshiriq beradi. Maxsus ko‘rsatma olgan viloyat, shahar, tuman rahbarlari yeng shimarib ishga kirishadilar va tantanali majlisda Brejnev nutq so‘zlayotgan paytda 73 marta gulduros qarsak chaladilar. Shunday qilib, laganbardorlik, xushomadgo‘ylik plani ukrainalik o‘rtoqlarga nisbatan ikki barobar ortig‘i bilan ado etiladi. Guvohlarning aytishicha, «bosh» yo‘nalishga bag‘ishlangan nutqni bu qadar izzat-ikrom bilan tinglayotgan odamlarga qarab bechora Brejnevning ko‘zlarida shoda-shoda yosh paydo bo‘lgan ekan. Bu voqeani xushomadgo‘ylik bo‘yicha bemalol Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish mumkin.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 18:11:20
   Aytmatov. O’sha yillarda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining a’zosi bo‘lgan Rasul Hamzatov Moskvadan uyiga: «Rayosatda o‘tiribman, lekin baxtsizman», deb telegramma jo‘natgan edi.
   Shoxonov. Hazil aralash bir og‘iz so‘z aytilgan-u, lekin unda qancha ma’no yashirin...
   Bilmadim, Brejnev ataylab o‘zining sharti ketib, pati qolganini yashirish uchun shunday qilganmikan, nima balo, lekin o‘sha paytdagi Politbyuroning a’zolari yoppasiga miqsiragan chollardan iborat edi. 1979 yilda ularning o‘rtacha yoshi 70 edi. Ularning ba’zilari uchun minbarga chiqib-tushishning o‘zi azob edi. O’sha paytlari xalq orasida tarqalgan latifada birov Brejnev tovushida: «Politbyuro a’zolarini ko‘tarib chiqishlaringni so‘rayman», deydi. Hamma ishda Kremldan andaza oladigan ittifoqdosh respublikalarning rahbarlari ham yosh jihatidan Qizil maydondagi chollardan qolishmasdi.
   O’sha yillari «12—3=?» nomli kichik doston yozgan edim. Kremlda o‘tirgan boylarning muammolari kaminani xiyla tashvishga solib qo‘yadi.
   Aytmatov. O’sha dostonni hozir o‘qib bersang yaxshi bo‘lardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 18:15:06
   Shoxonov.
   
   Qadim o‘tgan zamonda,
   Sor-burgutlar makon tutgan tomonda,
   Bir qaysaru qudratli xon bor ekan.
   Anglash qiyin edi xonning ta’bida
   Qudrat ko‘pmi yoki qaysarlik.
   Keksa edi, ammo chapdast chavandoz,
   ostida yo‘rg‘alar asov bedovlar.
   O’zidan qaytsa ham qaytmas so‘zidan.
   Oshirmoqni o‘yladi bir payt xalqning aqli, obro‘si, sha’nin.
   Ammo, qanday qilib?
   Boshi qotdi xo‘b.
   Biroq, qanday qilib bo‘lsa-da
   qaror etdi mana shu ishga.
   Qabul qildi yangi bir qonun,
   unda shular yozib qo‘yildi:
   «Bir narsa shubhasiz,
   donolik keltirar keksalik.
   Neki bor — agar yosh bo‘lsa,
   hali u pishmagan, demakki, xavfli...
   Xom-xatala fikrlaru qarorlardan qo‘rqinchli ne bor?
   Alqissa, shu paytdan barcha mulozim,
   amaldoru askar boshlig‘i
   keksalardan tayin etilsin!
   Zotan, ular ish qilishsa,
   asta-sekin, o‘ylab qiladi.
   (Donolik — asta demakdir!
   Asta yurgan — erta boradi!..»
   
   Shu tariqa asta yanchib yoshlikni,
   keksalikka berildi urg‘u.
   Yosh-yalangni bir chetda qo‘yib,
   keksa chollar chaldi burguni.
   
   Ishonch ruhi yoshlarda so‘ndi,
   o‘chirildi yoshlik gulxani.
   Bir g‘aroyib zamonlar bo‘ldi,
   yigirmada esa-da yoshi
   tushib yurar beldan ishtoni
   Yigirma besh yoshlilar ko‘rgin —
   layoqatsiz, omadsiz to‘da,
   nonni ham chaynatib yeydi.
   O’-o‘, bu xalq ulut xalq edi,
   sha’n kulardi qo‘shiqlarida.
   Endi-chi, achchiq tarix endi.
   Dard ustiga chipqon bo‘ldi
   xon chiqargan qonundan.
   Jangchi emas, o‘sdi qo‘rqoqlar,
   eshitsa-da dushman burgusin
   ko‘rpasiga boshin o‘rarlar.
   Qaydan keldi ruhiy ezginlik?
   G’ijimlaydi hatto gullarni,
   qani yoshlik, ishonch, erkinlik?
   Tanib bo‘lmas qizu ullarni.
   Shayton urib xonni yo‘lidan
   xalqqa dedi bir kun qayrilib:
   «Bo‘lsin desak xonlik mustahkam,
   kerak unga jangu jadallar!
   Bordir axir belda belbog‘li
   yuraklari o‘tli navjuvon?
   Yoki undan taqdir qisganmi?
   Tarqatish chun yangi bir dovrug‘
   Falonchiga... urush boshlaymiz.
   (Falonchiga deganda biroz
   sekinladi xonning ovozi.)
   Falonchiga... bizdan to‘rt hissa
   jangchisi kam yurtga yuramiz,
   Uyat bo‘ldi,
   tushib ketdi jangovarlik,
   ko‘taraylik ruhni alqissa!»
   Xon ulgurmay jangga kirishga
   hal etildi urush taqdiri.
   «Urush» so‘zi chiqmay og‘izdan
   raqibining bo‘ldi asiri.
   «Qayga uchdi shon-shavkatim,
   kimlar ular shoxim qayirgan?!»
   Deya bo‘zlab xon yig‘laydi zor,
   to‘zib ketgan to‘zg‘oqday
   oqsoch boshin bilmas qayga urishga
   o‘tgan ishni kimga to‘nkasin,
   iloj yo‘qdir yelka to‘sishga.
   G’alabaning gashtini surib
   o‘tirarkan ul g‘olib amir
   istehzo-la so‘z qotdi kulib:
   «Ishonsang-da qancha sustlikka
   ko‘p shoshilding aqling yemoqqa.
   Sho‘xlik qilding, balki to‘qlikka,
   Endi shoshgin aqling yig‘moqqa!
   Bir topishmoq aytarman,
   agar topa bilsang ozodsan!
   Magar topolmasang, bilki, jasadsan.
   Xarakat qil, balki, bu miya
   hush qurib bitmagan, borsan.
   Topishmog‘im ushbudir mening:
   «O’n ikkidan necha qolar
   uchni ayirsak?»
   Sirtmoq tushub bo‘yniga,
   o‘limini kutgan odamdek
   yuzi ko‘m-ko‘k ko‘kargan xonning
   tuqqandayin xotini o‘g‘il
   xursandlikdan joni jahoni
   javob berdi: «Qolurda to‘qqiz!»
   G’alabaning gashtini surib
   amir qayta qo‘ydi jilmayib:
   «Shu kichik bir muhorabada
   men sinadim seni takroran,
   omad ketdi sendan, chamamda.
   Topqirlarni ayagum faqat...
   Topolmading. O’zingdan ko‘rgin
   bosh qo‘yursan kundaga albat!..»
   Biroq, shudam gala asirdan
   otilib chiqib dedi bir o‘smir:
   «Buyuk amir,
   ertami-kech o‘limdir barhaq,
   shoshirmoqdan ne foyda uni?
   Kon to‘kish-ku, amir, oson gap,
   yaxshidir o‘limning sekini.
   Topishmoqni men topaman, xo‘p...»
   Amir:
   «Mudom jangda baxtim deb inson,
   kim to‘xtatar, to‘sar yo‘lini?
   Hech kim, hech qachon.
   Yoshlik kuchi, qudratiga gar
   ishonmagan barcha keksaning
   jazosini bersin shum ajal.
   Eh, o‘g‘lim,
   aralashding bu ishga bekor,
   uzoq ketgan uning ildizi...»
   O’smir:
   «Tasodif tufayli qolsang o‘limdan,
   o‘z ko‘zing ko‘rsatsa xatolaringni,
   shon-shavkat, toju taxt ketsa qo‘lingdan,
   ko‘niksang, tirnasa yarolaringni
   har kuni ming bora bulsang sen qazo,
   bormi bundan ortiqroq jazo ?..»
   Amir:
   Yoshim, bilsang, oshdi to‘qsondan,
   lekin, o‘g‘lim, quvonar ko‘nglim
   shu zaminda ungan maysadan.
   Kuzataman, o‘smir bag‘rida
   so‘nmasin deb yoshlikning o‘ti.
   Agar sezsang, bu o‘t sungan kun
   keksalarning halokati shu.
   Sevmasalar durkun yoshlarni
   xush ko‘rmayman undaylarni hech.
   Otar ekan senga toshlarni,
   bunday xondan yaxshilikcha kech.
   Biroq, aytay, yoqib qolding sen,
   bajo etay istak, so‘roving.
   Arziydimi, ammo mazkur xon
   qalbingdagi qatim olovga ?»
   O’smir:
   «Bolaga tosh otgan, etgan masxara,
   Baxti hech to‘lmasin yorug‘ dunyoda.
   Bola-da otmasin toshni keksaga,
   chollarning umri ham bo‘lsin ziyoda.
   Amirim, Siz aytgan topishmoq, asli —
   (kechiring, adashib ketdingiz nogoh)
   topishmoq emasdir — hayot qonuni.
   O’n ikkidan uchni agar
   ayirmoqchi bo‘lsa odamlar
   bu olamning qolmas butuni!..»
   Amir:
   «Barakalla! Yomonmas, topding.
   Ammo, qani so‘zing isboti?
   Dalil — bahsning uchqur qanoti...»
   O’smir:
   «Agar Sizni to‘g‘ri tushunsam,
   bir yil demak — o‘n ikki oydir.
   Shundan uch oy fasli bahordir...
   Bahor esa tabiatning
   bor jo‘mardligin etar namoyon.
   Kim bahorga qazir ekan go‘r
   jo‘mardlikni o‘ldirar shu on.
   Yoshlik — bahor!
   «Zangor faslidir.
   Kim ayirsa rangi-ro‘yidan
   hayot o‘char, qurir nasllar.
   Har bahorda olma gullamas,
   kuzda qaydan beradi meva?
   Xulosa shu: uch oy bo‘lmasa,
   to‘qqiz oyi quruq shevadir.
   Mumkin emas o‘n ikkidan,
   bil, uchni ayirmoq...
   Kimki agar ayirsa uchni,
   baxtsiz bo‘lar sobiq xon misol.
   Zero, ushbu hayot qonuni
   kimlargadir topishmoq, masal...»
   «Turgan o‘smir kim bo‘ldi ekan?
   Ko‘p o‘yladi,
   kechagina xon atalgan baxtsiz qariya...
   Shu damgacha nega bilmadim,
   tanimadim yoshlarni taqir.
   Ne-ne yoshni isnod qilmadim,
   qarilarga suyandim, axir?..»
   Qachonlardir ko‘rgani o‘sha
   yosh otboqar tushdi yodiga...
   Qayda toj-taxt, qayda u go‘sha
   pichirlaydi xayol otiga:
   «Hammasi tugadi. Men jasadman...
   Tirilmasman, qayta turmasman,
   o‘t yurakli zobitlarim dim,
   otxonadan beri yurmadi.
   Men ko‘r edim.
   Edim ojiz.
   Qani u hayot?
   Yoshlarga hech bermadim qanot...»
   Ko‘rding, fikr — eng to‘g‘ri fikr,
   bosh-oxiri chars, cho‘g‘li
   fikr kech kelganin ko‘rmoqdan yana
   qanday azob bordir dunyoda ?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 18:16:49
   Aytmatov. Bu doston esimda bor. Unda turg‘unlik davrining achchiq haqiqati ko‘rsatilgan... O’z vaqtida Yevgeniy Yevtushenko uni rus tiliga tarjima qilgandi.
   Men unga so‘zboshi yozib, «Smena» jurnaliga e’lon qilish uchun tavsiya etgandim. Aftidan, jurnal xodimlari majoz ostida qanday ma’no yashirinib yotganini payqab qolishdi, shekilli, asaringni nashr qilishmadi.
   Shoxonov. Oradan ikki-uch yil o‘tgach, sobiq Ittifoqdagi eng ommaviy jurnallardan biri bo‘lmish «Ogonyok»ning eski bosh muharriri Anatoliy Safronov bilan Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining xalqaro konferentsiyasida uchrashib qoldik.
   — Biror narsang bo‘lsa, bergin — jurnalda chop etaman, — deb iltimos qildi u.
   «12—3 = ?»  nomli baxtiqaro dostonimni unga berib yubordim.
   Keyinchalik, afsuski, dostoningni nashr qila olmaymiz, degan mazmunda uzrnoma jo‘natdi.
   1986 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng, Yevgeniy Yevtushenkoning iltimosiga ko‘ra, KPSS Markaziy qo‘mitasi Madaniyat bo‘limining mudiri Yuriy Voronov shoshilinch ravishda kaminani qabul qildi. Yuzma-yuz suhbatlashayotgan paytimiz u hazil aralash bir paytlar KPSS Markaziy qo‘mitasining kotibi, Politbyuro a’zosi Suslovning topshirig‘iga binoan «12—3 = ?» nomli dostoning bilan tanishgan edim, deb qoldi. Markazqo‘mning navqiron xodimlari piq-piq etib kulib yurishadi. Chunki, dostondagi voqealarni darhol Kremlga taqqoslab ko‘radilar. Biroq, mening nomim ham qora ro‘yxatga tushib qolishiga Voronov qo‘lidan kelgancha qarshilik ko‘rsatadi. Shundagina dostonim nima uchun hech qaerda chop etilmaganini anglab yetdim.
   Mustabid tuzum inqirozga yuz tutgan og‘ir damlarda, Kremldagi chollar hassalariga suyanib qolgan bir paytda siyosiy maydonga shahd bilan kirib kelgan M.S. Gorbachyov bizning hayotimizga «qayta qurish», «demokratiya» kabi tushunchalarni olib kirdi. Yetmish yildan ortiq vaqt mobaynida ko‘zlari yumuq holatda yashagan xalqqa, dunyoqarashi, orzu-umidlari cheklangan olomonga so‘z erkinligining berilishi, shubhasiz, buyuk jasorat edi. Buni tan olish kerak.
   Chike, Siz Mixail Sergeevich bilan xiyla qalin edingiz. U mana shu xavfli yo‘lni ongli ravishda o‘z ixtiyori bilan tanladimi yoki jamiyatda ro‘y bergan o‘zgarishlar tufayli majbur bo‘ldimi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 18:17:57
   Aytmatov. Gaplaringda jon bor. O’sha paytda Gorbachyov ham yangilik tarafdori, ham ichki qarama-qarshiliklardan xalos bo‘lmagan siyosiy arbob edi. Kim biladi deysan, agar u eski safdoshlarining yo‘lidan ketganda, balki rahbarlik lavozimida umrining oxirigacha o‘tirishi mumkinmidi?
   O’sha yillari mamlakatimizda demokratik jarayon kuchga to‘lib borardi. Kremlda bo‘ladigan qandaydir yig‘ilish arafasida men Gorbachyov bilan uchrashdim.
   —   Yuring, shoshilmasdan bafurja gaplashib olamiz, — deb u meni o‘z kabinetiga boshladi. — O’rta Osiyo va Qozogistondagi hozirgi ahvol sizga juda yaxshi tanish. Bu regiondagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy ahvol to‘g‘risida qanday fikrdasiz? — deb so‘radi.
   O’zimning bilganlarimni, fikr-mulohazalarimni ochiq-oydin bayon etdim. Biz ancha vaqt qizg‘in suhbatlashib o‘tirdik.
—Hokimiyat va hukmdor to‘g‘risidagi bitta afsonani gapirib beraman. O’ylaymanki, buni to‘g‘ri tushunasiz, — dedim. U indamasdan bosh silkitib qo‘ydi.
   Qadim zamonlarda qaysidir bir olis mamlakatda mashhur imperator hukmdor bo‘lgan ekan. Kunlarning birida uzoq yo‘l bosib, notanish chavandoz hukmdorning huzuriga kelibdi va: «Olampanoh, taxtga o‘tirayotgan paytingiz fuqarolarimga to‘la-to‘kis erkinlik beraman deb va’da bergan edingiz. Biroq, xalqqa erkinlik berib, undan yaxshilik qaytishini kutib o‘tirmang. Chunki, xalq sizni yomonlab, toj-taxtingizga xavf sola boshlaydi. Faqat sizni taxtdan ag‘darib tashlagandan keyingina xalq tinchiydi. Shuning uchun hali vaqt borida yana bir marta yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Hozir chorrahada turibsiz: yo xalqqa erkinlik bering, yoki hokimiyatni qo‘ldan chiqarib yubormang!» Asrlar davomida qaror topgan tartib-qoidalarga ko‘ra, hukmdorning ishlariga aralashish, uning sa’y-harakatlaridan shubhalanish misli ko‘rilmagan surbetlik hisoblanardi. Bunday odam boshidan ajralib qolishi hech gap emasdi. O’sha qoidani yaxshi bilgan imperatorning soqchilari birgina imo-ishoradan so‘ng boyagi sho‘rtumshuqning  boshini  uzib  olishga  shaylanib  turardilar. Biroq, uzoq o‘y-xayoldan so‘ng: «Bu kishiga mening nomimdan mukofot beringiz! Keyin kuzatib qo‘yinglar, o‘z yo‘lidan ketaversin!» deydi imperator».
   Men so‘ylab bergan afsonani Gorbachyov indamay o‘tirib tingladi. Nima uchun bu afsona aytilganini tushunib, rang-ro‘yi bir oz oqarib ketdi. — Chingiz To‘raqulovich, men endi orqaga chekinmayman. Orqaga burib yuborish mumkin emas. Odamlarga erkinlik beraman deb va’da qildimmi, endi oxirigacha shu gapimda turaman. Agar hokimiyatdan, hatto boshimdan ajrab qolsam ham shu yo‘ldan qaytmayman. Faqat olg‘a bosaman, — dedi u.
   — Shunday bo‘lsa, men sizga ishlaringiz baroridan kelishini tilayman, — dedim.
   Biz iliq xayrlashdik.
   Nazarimda, o‘sha paytlarda aytgan gaplarimni xudoyimning o‘zi ko‘nglimga solib qo‘ygandek tuyuladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 18:18:54
   1991 yil avgust oyida Moskvadagi «GKChP»chilarning fitnasi Yeltsin rahbarligida yanchib tashlangach, Parijda chop etiladigan «Pari-match» gazetasidan kaminaga telefon qildilar: «Siz Gorbachyovga yaqin odamsiz, uning maslakdoshi bo‘lasiz. Endi u tarixiy sahnani tark etadi. Bu haqda nima deysiz?» deb so‘radilar. Men ularga ham bir paytlar Gorbachyovning o‘ziga aytib berganim afsonani takroran gapirib bordim. Gazeta afsonani darhol e’lon qildi.
   1989 yilda Gorbachyov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Xitoyga bordim. U yoqdan juda katta taassurot bilan qaytdim. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ko‘p yillardan beri sovuqchilik tushib qolgan ikki buyuk davlatning munosabatlarini yaxshilashdan iborat edi. Iqtisodiy, savdo-sotiq aloqalarimizni imkon qadar kengaytirishni istardik. U paytlari Sovet Ittifoqida qayta qurish, demokratiya jarayoni avj nuqtaga yetgandi.
   Butun dunyo bizga ko‘z tikib turardi. Adolat yuzasidan e’tirof etmoq lozimki, mamlakatimizdagi o‘zgarishlar, jamiyatimizdagi uyg‘onish istisnosiz ravishda barcha xorijiy davlatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazgandi. «Gorbachyov», «qayta qurish» so‘zlari tilga olinsa — bas, Yevropada hozir ham odamlarning yuzlari yorishib ketadi. Bizning mamlakatimiz uchun yangi tarix, yangi davr boshlangan edi. Buni unutmaslik kerak. Albatta, oxiri nima bilan yakunlanadi, degan shubha ham ko‘nglimizda yo‘q emasdi. Dastlab, demokratiya asta-sekin odamlarning ongiga ta’sir qildi, so‘ng uchqundan alanga chiqib ketdi. Lekin, bu boshqa mavzuga tegishli mulohaza.
   Xitoyga tashrif buyurgan kunlarimiz Pekinda talaba-yoshlarning ommaviy chiqishlari ro‘y berdi. Poytaxtning Tyananmen maydoniga minglab odamlar to‘plandilar va bir qator talablarni hokimiyat oldiga qo‘ydilar. Norozilik namoyishi kechasiyu kunduzi to‘xtamadi, tobora xavfli tus ola boshladi. Xitoyga Gorbachyov tashrif buyurganini bilib qolgan yoshlar o‘z ehtiroslariga battar erk berib yubordilar. Namoyishchilar yanada ko‘payib ketishdi. Vaziyat qaltis tus oldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 17 Mart 2009, 18:21:18
   —   Gorbachyov bizning oldimizda nutq so‘zlasin! SSSRda bo‘layotgan demokratik o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil gapirib bersin! — deb talab qilishadi namoyishchilar.
   Radio-televidenie kechasiyu kunduzi namoyishchilarning talablarini ma’lum qilib turardi. Xitoydagi chet mamlakatlarning elchilari: «Gorbachyov namoyishchilar oldiga chiqadimi-chiqmaydimi?» degan masalada o‘zlaricha fol ochishardi. Albatta, bunday qaltis vaziyatda Gorbachyovga oson bo‘lmaydi. Nima qilmoq kerak? SSSRda bo‘layotgan qayta qurish to‘g‘risida yoshlarga gapirib berish kerak, degan fikr ham yo‘q emasdi. Biroq, bunday axborot namoyishni kuchaytirib yuborishi mumkin edi.
   Gorbachyovning maslahatchilari:
   — Siz Xitoy hukumatining taklifiga binoan bu yerga kelgan rasmiy mehmonsiz, — deyishadi. — Sizning asosiy vazifangiz — mamlakat rahbariyati bilan shartnoma tuzib, tashrifdan ko‘zlagan maqsadga erishishdan iborat. Barqarorlikni buzayotgan har qanday kuch bilan (ular kim bo‘lishidan qat’i nazar) aloqaga kirishilsa, o‘zga davlatning ichki ishlariga aralashyapti, deb baholanadi. Undan so‘ng hamma ishlar chappasiga ketadi.
   Bizning mamlakatimizda ro‘y berayotgan buyuk o‘zgarishlar to‘g‘risida minglab odamlarga nutq so‘zlash imkoniyatidan mahrum bo‘layotgani Gorbachyovga alam qiladi va u delegatsiyaning har bir a’zosi bilan bu masalada alohida-alohida fikr almashadi. Oxir-oqibat, Tyananmen maydonidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mazmunidagi Gorbachyovning ochiq xatini e’lon qilishga qaror qilindi.
   Qizig‘i shundaki, bizning delegatsiyamiz sharafiga qabul marosimi uyushtirilgan va ziyofat berilgan hukumat saroyidan maydonga to‘plangan minglab namoyishchilar yaqqol ko‘rinib turardi. Ular har-har joyga palatka tikib olishib, hali-beri joylaridan qo‘zg‘olishni xayollariga ham keltirmasdilar. Yagona maqsad yo‘lida hamfikr bo‘lgan xitoy yoshlari mamlakatning turli burchaklaridan poytaxtdagi ulkan maydon sari to‘xtovsiz oqib kelar, namoyishchilar sonini tobora ko‘paytirishar edi. Bu maydonda mashina bilan ham, yayov ham yurib bo‘lmasdi. Tez orada maydonning atrofi qurshovga olindi.
   Ajab hol: Gorbachyovning g‘oyalaridan ilhomlangan yoshlar maydonda to‘lqinlanib o‘tirishardi, Gorbachyovning o‘zi esa saroy ichkarisida miq etmasdan o‘tirardi. Ular bir-biri bilan uchrashish, ikki-uch og‘iz gaplashish imkoniyatidan mahrum edilar. Oyoq-qo‘lingni chirmab tashlaydigan siyosat mana shunday qudratli kuchga ega bo‘ladi.
   Bizning delegatsiyamiz qaytib ketgach, oradan ikki-uch kun o‘tib, Xitoyda xunrezlik boshlandi. O’sha kunlari Pekinda juda ko‘p yoshlar qurbon bo‘lganini jahon jamoatchiligi juda yaxshi biladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:07:06
   Shoxonov. Menimcha, Gorbachyov demokratik e’tiqod sohibi sifatida hokimiyat tepasiga keldi. Albatta, bu fazilat yaxshi. Ayni chog‘da u totalitar tuzum davrida shakllangan diktatorlik qudratidan ajralishni-da istamasdi. To‘g‘ri, u «ikki qo‘chqorning boshini bitta qozonda kaynatish»ga ko‘p urindi. Bo‘lmaydigan ishni bo‘ldirmoqchi bo‘ldi. Tarixdan ma’lumki, hech qachon, hech kim bunday qilolmagan. Demokrat bo‘ldingmi — bas, diktaturaga barham berishing kerak. Yoki aksincha. Nazarimda, ikkilanishlar Gorbachyovni xarob qildi. U diktaturadan voz kecha olmadi.
   Aytmatov. Gorbachyovni menga nisbatan yomon ko‘rasan. Bu tushunarli. 1986 yil dekabr oyida Olmaotada ro‘y bergan voqealarga bir tomonlama baho berildi. Ba’zan bu haqda hech qanday axborot tarqatilmadi yoki «qozoq millatchilari» to‘g‘risida ayuhannos solindi. SSSR Xalq deputatlarining birinchi qurultoyida so‘zlagan nutqing go‘yo Kremlda bomba portlaganday taassurot qoldirgandi. Shunday emasmi? Rostini aytsam, o‘shanda seni bir baloga giriftor qilishmasaydi, deb qo‘rqqan edim.
   Shoxonov. Mana, Gorbachyov hukmronlik qilgan yillar ham o‘tib ketdi. Afsuski, Olmaotada ro‘y bergan dekabr voqealarining tarixiy ahamiyati haligacha to‘la-to‘kis idrok etilgani yo‘q. Unga xalqaro maydonda aniq-ravshan baho berilmadi. Bu holat kishini xiyla o‘ylantirib qo‘yadi. Biroq, xalqning bo‘yniga taqilgan tavqi-la’nat tamg‘asi olib tashlandi. Haqiqatni topish maqsadida men bir necha marta Gorbachyov bilan suhbatlashganman. Bir marta u hatto: «Ovozingni o‘chirib qo‘yish ham qo‘limdan keladi!» deb yaqqol qo‘rqitib ko‘rdi. Shunda meni Rossiyaning hozirgi Prezidenti Boris Yeltsin bilan go‘ring nurga to‘lgur buyuk olim-demokrat Andrey Dmitrievich Saxarov har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan edilar. Bu haqda alohida gaplashamiz.
   Sizning «Kassandra tamg‘asi» romaningiz Moskvada muhokama etilajagini va anjumanda Gorbachyov ham qatnashadigan bo‘lganini eshitgan bo‘lsam ham, lekin ishdan qo‘lim bo‘shab bora olmadim. Oradan bir necha yillar o‘tgach, demokratiya bilan diktaturani bitta qo‘lda ushlab turmoqchi bo‘lgan siyosiy rahbar bilan suhbatlashib ko‘rish qiziq bo‘lardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:09:16
   Aytmatov. «Kassandra tamg‘asi»ning muhokamasida Yevtushenko, Voznesenskiy, Fozil Iskandar, Dementev, Gachev, Gachevning xotini — adabiyotshunos-faylasuf Svetlana Semyonovalar ishtirok etdilar. Mixail Sergeevich ham qatnashdi. O’z nutqida Gorbachyov  bunday dedi:
   — Ilgari ta’qib-tazyiq ostiga olingan badiiy ijod namunalariga qayta qurish davrida to‘la-to‘kis erkinlik berildi. Natijada shafqatsizlikni, zo‘ravonlikni, qotillikni maroq bilan tasvirlaydigan tuban darajadagi badiiy asarlar hamma yoqni bosib ketdi. Bu so‘z erkinligidan teskari maqsadlarda, noto‘g‘ri yo‘nalishda foydalanishdan  boshqa narsa  emas.  Men bunga mutlaqo qarshiman...
   Shoxonov. Umumiy tanishimiz Rustam Xairovdan eshitdimki (u ham o‘sha muhokamada qatnashgan), Gorbachyov «Kassandra tamg‘asi» romaniga juda yuksak baho beribdi.
   Aytmatov. Aftidan, romanim unga ma’qul bo‘libdi. Bo‘lar, endi asosiy mavzuga qaytamiz.
   Kishilarning ertangi kunga ishonchi sifatida demokratiya qaror topishi kerak. O’sha ishonchni mustahkamlaydigan stimul — bu butun davlat uchun yagona bo‘lgan Konstitutsiya hisoblanadi. Jamiyatning eng oddiy a’zosidan tortib, to eng yuksak martabadagi prezidentgacha umumiy qonunga itoat etishlari lozim. Agar prezident o‘zgarishiga yoki parlament yangilanishiga qarab, yangi chiqqan asilzodalarning manfaatlariga monand ravishda Konstitutsiya ham o‘zgaraversa, biz birinchi navbatda odamlarning ishonchini yo‘qotamiz. Mana, AQSh ikki yuz yildan ortiq davr mobaynida faqat bitta konstitutsiya bilan yashayapti.
   Lyuksemburgda ro‘y bergan bitta voqeani tez-tez eslab turaman.
   Dunyoda qonun buzilmaydigan birorta mamlakat bormi? Lyuksemburg sudi bir kishini aybdor deb topdi va bir necha yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Sud hukmini qo‘liga olgan aybdor oila a’zolari bilan xayr-xo‘shlashib qamoqxonaga boradi. Qamoqxona boshlig‘i: «Hozir joy yo‘q, bir oydan so‘ng kelasiz», deb qonunbuzarni uyiga qaytarib yuboradi. Tayinlangan vaqtda aybdor xotini hamrohligida qamoqxonaga boradi. Afsuski, hali ham joy bo‘shamagan ekan. Uch oy davomida o‘sha holat uch marta takrorlanadi. Nihoyat, sabr-toqati tamom bo‘lgan aybdor: «Qamoqxonadan menga joy beriladimi-yo‘qmi? Qancha vaqtim bekorga ketdi! Axir, bundan ortiq adolatsizlik bo‘ladimi?!» deb gazetaga shikoyat yozadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:15:18
   Gazetada e’lon qilingan shikoyat jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokama qilinadi: axir, inson huquqlari oyoq osti qilinyapti-ku! Qamoqxona boshlig‘ini ishdan bo‘shatish lozim!
   Qamoqxona devori ostidan lahm qazib, duch kelgan tomonga juftakni  rostlab  qolishga  shay  turadigan bizning fuqarolarimiz ikki dunyoda ham sud hukmini qo‘liga olib, o‘z xohishi bilan qamoqxonaga bormaydi. Boz ustiga, o‘zini qamoqxonaga yotqizishlarini hech kim talab etmaydi. Demak, bu voqea bizda hammaga bema’nilikday ko‘rinadi. Lekin, madaniyatli mamlakatda bu hol tabiiydir. Agar odil sud seni aybdor deb topdimi, demak jinoyatga yarasha jazolanishing kerak. Qamoqxonadan qochib ketish, masalan, Lyuksemburgda hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Ishchi bo‘lasanmi, boy-badavlat savdogarmisan, supermenmisan — baribir o‘z mamlakating konstitutsiyasini hurmat qilishga majbursan.
   Agar qonun posbonlari bilan jinoyatchilar o‘rtasidagi munosabatlar poraxo‘rlik aosida qurilgan bo‘lsa, demokratiya jar yoqasiga borib qoladi.
   Konfutsiy: «Hukmdor adolatli va halol bo‘lsa, aybdorni jazolash oson bo‘ladi. Agar o‘zing ko‘ppak misoli iflos bo‘lsang, har qanday it bilan iliqib yursang, o‘zingda yo‘q bo‘lgan halollikni boshqalardan qanday qilib talab qilasan?» degan edi. Butun bir mamlakatning prezidenti bo‘lish har qanday inson uchun faxr hisoblanadi. Yer yuzidagi besh milliarddan ortiq odamlar orasida qirol, imperator, podsho, xon, prezident bo‘lish kamdan-kam insonga nasib etadi. Biroq, o‘sha hukmdorlar orasida o‘z mansabidan ketgandan so‘ng xalq tomonidan mehr-muhabbat bilan, yaxshi so‘zlar bilan esga olinadiganlar ko‘pmi? Juda ko‘pchilik hukmdorlarni shuhratparastlik, mansabparastlik, shafqatsizlik, poraxo‘rlik, ta’magirlik, siyosiy savodsizlik, axloqsizlik kabi yaramas qusurlar xarob qiladi. Oqibatda ular qora guruxlarning, iflos g‘oyalarning yetoviga tushib qoladilar.
   Shoxonov. Mustaqillikni qo‘lga kiritgan Markaziy Osiyo respublikalari o‘zlarining birinchi prezidentlarini sayladilar, alohida hayot kechira boshladilar. Sir emas, qardosh xalklarimizning rahbarlari, davlat boshliklari Sizni jahon adabiyotining yirik namoyandasi sifatida hurmat qiladilar. Nursulton Nazarboev Sizni «Qozog‘iston xalq yozuvchisi» unvoni bilan taqdirladi, Islom Karimov esa O’zbekistondagi eng nufuzli mukofotlardan birini — «Do‘stlik» ordenini ko‘ksingizga taqib qo‘ydi.
   Betimsol asarlaringiz allaqachon o‘quvchilar ommasini maftun etgan, Sizning vatanparvarligingiz, yorqin shaxsingiz jamoatchilik tomonidan tan olingan. Keling, endi bizning navqiron respublikalarimiz prezidentlari to‘g‘risida gaplashamiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:16:08
   Aytmatov. Yaxshi. Odatda, har bir rahbarga tarix baho beradi. Nazarimda, hozir hokimiyat tepasida turgan shaxs to‘g‘risida mulohaza yuritayotib, qaysi mezonlarni asos qilib olish juda mashkul bo‘ladi.
   Qozog‘istonda yuzdan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi. O’z-o‘zidan mana shu ko‘rsatkich Qozog‘istondagi milliy va ijtimoiy muammolar nihoyatda murakkab ekanini bildirib turibdi. Bu muammolar bepoyon hududiy, tabiiy, insoniy resurslar, iqtisodiy taraqqiyot imkoniyatlari evaziga hal etilishi mumkii. Shubhasizki, siyosiy olamda mashhur bo‘lgan Nursulton Nazarboevdek inson ham bunday ijtimoiy o‘zgarishlar, milliy munosabatlar murakkablashgan, davlatlar o‘rtasidagi aloqalar izdan chiqib ketgan bir davrda mamlakatni boshqarishi oson bo‘lmaydi.
   Biz u bilan Olmaotada, Moskvada, Bryusselda uchrashganmiz, ko‘p bora suhbatlashganmiz. O’sha uchrashuvlar paytida amin bo‘ldimki, Nazarboev yuqori malakaga ega bo‘lgan, qamrovdor inson ekan. Bunga aslo shubhalanmayman. XX asr adog‘ida aynan shu inson rahbarlik mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi.
   Shoxonov. Nursulton Nazarboev to‘g‘risidagi suhbatimizning muqaddimasida shaxsan o‘zim guvoh bo‘lgan bitta voqeani gapirib bermoqchiman.
   Bir paytlar O’tror viloyatidagi Baliqchi tumanida O’rinbosar Erkinov partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida ishlagandi. U nihoyatda qobiliyatli, san’atni sevadigan inson edi. Bir safar u o‘z tumaniga taniqli yozuvchilarni, artistlarni taklif etdi; ularga tumanni tanishtirdi, Kaspiy dengiziga olib bordi. Mehmonlar orasida Aset Beyseuov ham bor edi. Biz Aset bilan hamkorlikda «Turnalar Yoyiqdan (O’rol) qaytyapti» deb nomlangan qo‘shiq yozdik. So‘z meniki, musiqa u kishiniki bo‘ldi. Tuman Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yangi qo‘shiq ijro etildi. Zalni to‘ldirib o‘tirgan muxlislar qo‘shiqni gulduros qarsaklar bilan kutib oldilar va takror ijro etishni talab qildilar. Qo‘shiq takror ijro etildi. Shu payt o‘zini tutib tura olmagan O’rinbosar ham sahnaga chiqdiyu birgalashib qushiq ayta boshladi.
   70-yillarda partiya rahbarlari qanday odob mezoniga itoat etishlari lozimligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Xullas, partiya rahbarining sahnaga chiqib qo‘shiq aytishi aqlga sig‘maydigan hodisa edi.
   O’rinbosarning «beodobligi» to‘g‘risidagi mish-mish viloyat rahbarlaridan birining qulog‘iga yetib boradi. Shu zahoti masala ko‘tariladi va rahbarni vazifasidan olib tashlashlariga bir bahya qoladi. Tuman rahbari qandaydir mo‘‘jiza tufayli ishdan bo‘shatilmaydi.
   Nursulton Abishevich totalitar tuzum davrida voyaga yetgan siyosatchi hisoblanadi. Ayni paytda bu zot ham san’atni teran idrok etadi. Ba’zi tantanalar, bayramlar payti u kishi katta mamlakatning prezidenti uchun uyat-puyat bo‘ladi deb o‘tirmasdan qo‘liga do‘mbira oladiyu suyukli qo‘shiqlarni shaxsan o‘zi ijro etib beradi. Prezident o‘z rafiqasi Sora Alpisovna bilan hamkorlikda jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytganini bir necha marta ko‘rganman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:17:32
   1993 yil yakuniga ko‘ra, Qirg‘izistondagi «Ruhiyat xalqaro tashkiloti» Qozog‘iston Prezidentini «Yilning eng yaxshi odami» unvoni bilan taqdirladi. Mukofot topshirilishiga bag‘ishlangan marosimda qatnashish uchun Nursulton Abishevich respublikamizning Abish Kekilboev, Alibek Dnishev, Oltinbek Xo‘rozboev, Do‘stxon Jo‘ljaqsinov kabi yirik adabiyot va san’at namoyandalari bilan birga keldi. Tantanali marosimdan keyingi ziyofat chog‘ida xalq orasida mashhur bo‘lib ketgan bir qo‘shiqni muallif-bastakor Oltinbek Xo‘rozboev bilan birgalikda ijro etdi. Axir, bastakor uchun o‘zi yaratgan qo‘shiqni mamlakat Prezidenti bilan birga aytishdan ham ortiq baxt bormikan?
   O’sha ziyofat payti Alibek Dnishev bilan Do‘stxon Jo‘ljaqsinovlar ham Prezidentning iltimosiga ko‘ra bir nechta ajoyib qo‘shiqlarni ijro etdilar.
   Ma’lum bo‘ldiki, o‘zim ham ijod ahliga mansub bo‘lsam-da, ammo qo‘shiqchilarning repertuaridan o‘rin olgan yangi asarlarni bilmas ekanman. Prezident bilan chin dildan suhbatlashib o‘tirgan paytlarim ko‘pincha u kishi o‘z xalqining tarixini teran bilmoqqa intilayotganiga guvoh bo‘laman. Bir gal gap ijod masalasiga borib taqaldiyu u kishi:
   — Qo‘yshig‘ari Solg‘arinning «Oltin ildiz», «Shajara» nomli tarixiy mavzudagi roman-esselarini o‘qidingmi? — deb so‘rab qoldilar.
   O’sha kitoblar anchadan beri kutubxonamda yotgan bo‘lsa-da, ammo o‘qib chiqishga vaqt topganim yo‘q edi. Noqulay ahvolga tushib qoldim.
   Nursulton Abishevich bosh qahramon bo‘lgan bir qiziq voqea hali-hali esimdan chiqmaydi.
   U paytlari Qozog‘iston Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi Kolbin edi. Uning hokimiyat tepasiga kelishi Olmaotada dekabr voqealariga sabab bo‘ladi. Qozoqlar bunday odamlar to‘g‘risida: «Uning tupugi yerga muz bo‘lib tushadi», deyishadi. Orol fojiasi to‘g‘risida har kim qarama-qarshi mulohazalarini bayon etayotgan kezlarda biz Kolbindan dengiz fojiasiga bag‘ishlangan mavzuda anjuman o‘tkazishga ruxsat oldik.
   Kelishuvga binoan anjuman Qizil O’rdada o‘tkazilishi lozim edi. U paytlari Nursulton Abishevich respublika Vazirlar Mahkamasining raisi edi. Biz tarmoq vazirlari, tegishli idoralarning rahbarlari bilan birgaliqda viloyat markaziga uchib bordik. Kolbin uzundan-uzun kirish so‘zi aytdi. Keyin N.Nazarboevning nutqi tinglandi. So‘ngra Orolni asrash bo‘yicha jamoatchilik qo‘mitasining prezidenti sifatida kaminaga so‘z borildi. Esimda, o‘z nutqimda tubandagi misolni keltirgan edim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:18:02
   Frantsiya qiroli Lyudovik XIV shaytonning gapiga kirib, she’r yozmoqchi bo‘libdi. Bir gal o‘sha paytlari Frantsiyada mashhur bo‘lgan tanqidchini huzuriga chaqirib, uning qo‘liga o‘zi yozgan she’rlarni beribdi: «Fikringni bilmoqchiman», debdi qirol. Tanqidchi o‘ylanib qolibdi: agar qirolga bor haqiqatni aytsa, arslonning og‘ziga boshini tiqqandek bo‘ladi; she’rlarni maqtab yuborsa, vijdonga xilof ravishda yolg‘on gapirgan bo‘ladi. Shunda tanqidchi: «Zoti oliylari, siz o‘z oldingizga mazza-matrasiz, bema’ni she’r yozishdek nihoyatda og‘ir vazifani asosiy maqsad qilib qo‘ygan ekansiz. Bu vazifani sharaf bilan ado etibsiz!» degan ekan. 
   O’sha afsonani bayon qilganimdan so‘ng, betga aytilgan achchiq haqiqatni ko‘pchilik hukmdorlar yoqtirishmaydi, deb ilova qildim. Shunday bo‘lsa-da, bor haqiqatni u yoki bu shaklda aytishga qodir bo‘lgan insonlar topilib turadi. Unday kishilar bizda ham oz emasdi. Xullas, ko‘nglimda to‘planib qolgan gaplarimni — Orol halokati, Qozog‘istondagi ekologik ahvol to‘g‘risida o‘ylab yurgan fikr-mulohazalarimni aytib-aytib minbardan tushib ketdim.
   Tushlikka tanaffus e’lon qilindi. Anjuman bo‘layotgan Nortoy Bekejonov nomidagi viloyat drama teatrining bitta xonasiga dasturxon yozilibdi. Bizni tushlikka taklif etdilar. Dasturxon to‘riga Kolbin, Nazarboev, KPSS Markazqo‘mining sektor bo‘limining mudiri (ismi esimda yo‘q), Qizil O’rda viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Ovulbekov va kamina o‘tirdik. To‘rga besh kishi joylashdik. Shu payt Nursulton Abishevich o‘smoqchilab:
—Xo‘sh, senga hozir anavi amakini olqishlab yuboraymi? — deb so‘radi ataylab qozoqchalab. U yonimizda o‘tirgan Kolbinni nazarda tutgandi. — Yoki «og‘iz bostiriq» — sukut saqlaganim uchun haqimni berasanmi?
—Lekin bizning «amaki» yosh bola emas-ku, — dedim hech narsadan bexabar holatda.
—Unday bo‘lsa, o‘zing bilasan, — dedi kulumsirab Nursulton Abishevich. So‘ng, men tomonga o‘girilib, rus tilida davom etdi: — Muxtor! Anjuman ishtirokchilari nutqingni juda yaxshi kutib oldilar, rosa qarsak chalishdi. Biroq, qirol to‘g‘risidagi gaplaringni qanday tushunish kerak? O’sha afsonaning Orolga nima aloqasi bor? O’sha misol bilan Gennadiy Vasilevichga ishora qilmadingmi, ishqilib?
   Shu zahoti Kolbinning rang-quti o‘chib ketdi.
—Ey, rostdan ham, o‘sha qirol bahonasida meni nazarda tutdingmi? Boya men unchalik e’tibor bermagan ekanman-ku! — dedi Kolbin jiddiy.
—Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, men butunlay boshqa narsani nazarda tutganman. Boshqa narsaga e’tiborni qaratmoqchi bo‘ldim, deb o‘zimni oqlay boshladim. Ammo, u mening gaplarimga ishonmayotgani shundoq bilinib turardi. Tushlik payti ishtaham g‘ippa bo‘g‘ildi. Ish chappasiga aylanib ketdi. Endi nima qilishni mutlaqo bilmasdim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:23:02
   Xudoga shukr, ishga yana-tag‘in Nursulton Abishevichning o‘zi aralashdi.
   —   Gennadiy Vasilevich, men shunchaki hazillashgandim. Muxtor ham doim o‘z fikrini tarixiy voqealar, afsonalar bilan kuchaytirmoqchi bo‘ladi. Anavi qirolning sizga hech qanday aloqasi yo‘q. Albatta, odamlar ham bunday deb o‘ylashgani yo‘q.
   Umuman, u o‘zi yaratgan qaltis vaziyatni o‘zi bartaraf etdi. Mantiqiy mushohadasi kuchli bo‘lgani uchunmi yoki inson ruhiyatini yaxshi bilgani uchunmi, ishqilib, Nazarboev o‘sha paytlari Kolbinning xayollarini, kayfiyatini kerakli o‘zanga burib yubora olardi.
   —   E-e, boshidan shunaqa demaysanmi, — dedi Kolbin yuzlari yorishib.
   U yana ruhan tetiklashib qoldi.
   Aytmatov. Esimda, bir safar Qozog‘istonga borgan paytimda Kolbin kaminani o‘z huzuriga taklif etdi. Ko‘pincha biror inson to‘g‘risidagi ilk taassurot noto‘g‘ri bo‘ladi. O’sha payt u menga xiyla oqil, mushohadakor tuyulgandi. Aftidan, o‘zini shunday ko‘rsatishga tirishgan bo‘lsa kerak.
   Shoxonov. Darhaqiqat, respublika rahbari bo‘lgach, adabiyot va san’at ahli tomonidan madadga muhtoj Kolbin ulardan shirin so‘zlarini ayamasdi. Biroq, uning bunday xatti-harakatlari samimiy emasdek ko‘rinardi. Hiyla-nayrangni uzoq vaqt yashirib bo‘lmaydi.
   Dastlab, u: «Bir yildan so‘ng men qozoq tilida nutq so‘zlaydigan bo‘laman!» deb hammani hayron qoldirdi. Afsuski, «Salamatsiz ba?» degan qozoqcha so‘zni o‘rgangan paytida Qozog‘iston bilan xayrlashdi.
   Aytmatov. Osonlikcha muvaffaqiyat qozonaman deb o‘ylagan, milliy an’analarga befarq bo‘lgan, o‘zi boshqarayotgan odamlarning ma’naviy boyligini nazar-pisand qilmagan hukmdor hech jahonda zafar qozonganmi?
   Shoxonov. Bir safar Nursulton Nazarboev bilan gaplashib o‘tirib, undan quyidagi afsonani eshitdim.
   Qadim zamonda bitta xon yashagan ekan. Boyligi cheksiz ekan. U bir kuni mulozimlari bilan shikorga chiqadi. O’rmon oralab o‘tadilar, dovondan oshib tushadilar. Qo‘qqis ular qarshisidan chiroyli sayg‘oq chiqib qoladi va hurkib qochadi. Xon kamondan o‘q uzib, sayg‘oqning orqa oyog‘idan yarador qiladi. Xon mulozimlari baqir-chaqir qilishib, sayg‘oqni jar yoqasiga siqib boraveradilar. Bir taraf tik qoyalik edi. Yarador oyog‘ini sudrab, arang qochib borayotgan sayg‘oq ilojsiz qolgach, huv olisda turgan yurtni ko‘rib qoladi va ochiq turgan eshigidan o‘zini ichkariga uradi. Yurt egalari o‘sha paytda dasturxon tevaragida o‘tirishib, tushlik qilishayotgandi. Sayg‘oq dasturxon ustidan sakrab o‘tadiyu to‘ri tomonga yiqilib, holdan toygancha og‘ir-og‘ir nafas ola boshlaydi.
—Sayg‘oqni haydab chiqar! — deb qichqiradi otda turgan xon uy egasiga engashib. — Men choshgohdan beri uning orqasidan quvlab yuribman. Bu mening o‘ljam!
—Olampanoh, to‘g‘ri gapiryapsan! — deb javob beradi chol. — Bu sayg‘oq o‘ljang sening, ammo u mening uyimning to‘rida yotibdi. Ko‘rib turibsanki, dasturxonim yozig‘liq. Hech kim dasturxonni hatlab o‘tolmaydi. Hatto ashaddiy dushmanlar ham dasturxon ustida yarashadilar, gina-kuduratni unutadilar. Muqaddas an’anamiz shunday. Sen xon bo‘lsang ham, lekin bobolarimizdan qolgan udumni buzishga haqqing yo‘q.
Xon hech narsa deb javob bera olmaydi va ot jilovini burib, orqaga jo‘nab qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:24:51
«Farg‘ona vodiysidagi o‘n minglab o‘zbeklar O’sh tomonga borishyapti!»
«Kechagi kundan e’tiboran Oloy qirg‘izlari otlariga mindilar!»
Shunda Men O’zbekistondagi har xil jamoat tashkilotlarining rahbarlariga: «Kelinglar, og‘a-inilar, seniki noto‘g‘ri, meniki to‘g‘ri degan munozarani bas qilaylik. Rostini aytsak, hammamiz aybdormiz. Vaziyatni keskinlashtirishdan foyda yo‘q», dedim. Barcha mening fikrlarimni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Tez orada mening kelganimdan xabar topgan O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Islom Karimov aeroportga yetib keldi. Har doimgidek muayyan bir masalaga butun diqqat-e’tiborini jamlagan, harakatchan, g‘ayratli edi. Yakkama-yakka chin dildan gaplashdik. Men unga: «O’shga kirmoqchi bo‘layotgan farg‘onaliklarni to‘xtating, — deb iltimos qildim. — Agar ikki olomon bir-biri bilan to‘qnashib ketsa, keyin ularni to‘xtatish ham, tinchitish ham qiyin bo‘ladi. Juda katta xunrezlik ro‘y berishi hech gap emas. Biz ham O’sh viloyatini tinchitish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz».
Karimov bilan gapimiz bir joydan chiqdi. U mening fikr-mulohazalarimni batamom qo‘llab-quvvatladi va samolyot zinapoyasiga qadar kuzatib qo‘ydi.
O’sh viloyatiga borib, shart-sharoitlar bilan tanishganimdan so‘ng, men respublika televideniesi orqali O’zbekiston xalqiga murojaat qildim. Bu hodisa nimadan boshlangani, agar nizo kuchayib boradigan bo‘lsa, oxiri juda yomon bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida dilimda bor gaplarimni ochiq-oydin aytdim. O’sha paytda mening yonimda Odil Yoqubov bilan Pirimqul Qodirov ham o‘tirgan edilar. Ular ham mening fikrlarimni quvvatlashib, butun o‘zbek xalqini bosiqlikka chaqirdilar.
Qadimdan qon-qardosh bo‘lgan ikki xalq o‘rtasida paydo bo‘lgan nifoqni bartaraf etish borasida o‘shanda Islom Karimov ulkan davlat arbobiga munosib bo‘lgan aql-idroq, donolik namunasini ko‘rsatdi.
Qozog‘istonning PYeN-klubi navbatdagi majlislaridan birini Kustanoyda o‘tkazdi. PYeN-klub prezidenti Abdujamil Nurpeisovning taklifiga ko‘ra, men ham o‘sha majlisda qatnashdim. O’zim yaqinda Frankfurtdan qaytgandim. Xullas, uyga qaytayotib, yo‘l-yo‘lakay Toshkentga ham tushib o‘tdim. Oqshom chog‘i Islom Karimov kaminani yo‘qlab keldi. Biz Markaziy Osiyo madaniyatining hozirgi ahvoli to‘g‘risida juda uzoq suhbatlashdik.
Ilgari men bu kishini faqat xo‘jalik ishlarining miridan-sirigacha yaxshi biladigan tajribali siyosatchi sifatida bilardim. O’sha oqshomdagi suhbatdan so‘ng amin bo‘ldimki, bu zot o‘z xalqining, o‘z davlatining tarixini teran biladigan, madaniyat va san’atning turli tarmoqlari bo‘yicha chuqur tasavvurga ega bo‘lgan tom ma’nodagi davlat arbobi ekan. Aynan o‘sha uchrashuvimiz samarasi o‘laroq Markaziy Osiyo xalqlarining Assambleyasini tuzish va yirik anjuman o‘tkazish g‘oyasi dunyoga keldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:26:34
Shoxonov. 1995 yili Toshkentda Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyat Assambleyasi o‘z faoliyatini boshladi. Unga bir ovozdan Siz prezident etib saylandingiz. Mustaqillik qo‘lga kiritilgandan keyin xiyla tarqoqlashib ketgan mamlakatlarning adabiyot va madaniyat namoyandalari birinchi marta yuzma-yuz uchrashish, mavjud muammolarni birgalikda muhokama etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. O’sha nufuzli anjumanda Odil Yoqubov, Shukrullo, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Yoqubjon Xo‘jamberdi, Ahmadjon Meliboev kabi o‘zbek adiblari va kinodramaturg Xayrulla Jo‘raevlar bilan muloqotda bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldim. Ulardan Islom Karimov to‘g‘risida iliq so‘zlarni eshitdim. Qalamkash do‘stlarim O’zbekiston Prezidentining yuksak intellektual quvvai hofizasi haqida gapirib berdilar. Uning shoir va yozuvchilarga ko‘rsatayotgan chinakam g‘amxo‘rligi sifatida respublikada o‘sha yili ellikdan ortiq kvartira ajratilgani ham guvoh bo‘lishi mumkin. Shubhasiz, bu hol xalqning ma’naviy boyligini saqlab qolish va rivojlantirish yo‘lida qilinayotgan amaliy harakatdir.

Yashirib o‘tirmayman, men ilgari Islom Karimovni siyosatchi sifatida yaxshi bilmasdim. Biroq, o‘sha safardan so‘ng qardosh mamlakatning Prezidenti to‘g‘risida bir olam taasssurot bilan qaytdim. U kishiga hurmatim yanada ortib ketdi.

Aytmatov. Yoshlik paytimda buyuk sarkarda Amir Temur to‘g‘risida bitta afsona eshitgan edim. Hozir ham o‘sha afsona esimdan chiqmaydi.
Buyuk hukmdor boshqa qutlug‘ ishlar qatorida Buxoro va Samarqandda naqqoshlik san’ati rivojlanishiga alohida gamxo‘rlik qiladi. Uning davrida ko‘plab osmono‘par machitlar, maqbaralar, minoralar bunyod etiladi. Asta-sekin qo‘l ostidagi o‘lkalarni ilm-fan markaziga aylantirib yuboradi. U barpo etgan bog‘-rog‘lar, hovuzli oromgohlar to‘g‘risida xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan elchilar to‘lqinlanib xotiralar yozganlar.
Hukmdor to‘g‘risida bir qancha afsonalar mavjud. Shulardan biri quyidagicha.
Amir Temur Sharqda mash’al bo‘lmish Samarqand va Buxoro shahrini tubdan qayta qurgan davrlarda ulug‘ shoir Hofiz Sheroziy:

«Agar ko‘nglimni rom etsa o‘shal Sheroz jononi,
Turkiy xoliga baxsh etgum Samarkandu Buxoroni!»
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:27:05
degan inja misralarni go‘zal bir g‘azalining ko‘ksiga qadab qo‘yadi.
Amir Temur Eron yurishi payti Sheroz shahrida to‘xtaydi va ulug‘ shoirning shu yerda yashayotganini eshitib:
—   O’sha shoirni keltiringlar! Qani, jononning xoliga mening ikki javohir shahrimni in’om etib yuboradigan hotamtoyni bir ko‘rib qo‘yay-chi! — deydi.
Go‘yo darveshona kezib yuradigan shoirni choparlar izlab topa olmaydilar. Lekin, kunlarning birida Amir Temur o‘z qo‘nalg‘asi ayvonida oftobda isinib o‘tirsa, ko‘chadan Hofiz o‘tib qoladi. Qoravullar darhol shoirni tutib keltiradilar.
—   Samarqand bilan Buxoroni tortiq qilib yuborgan oshiq senmisan? — deb so‘raydi Temur dagdag‘a aralash. — Birgina xol uchun ikki shaharni berib yuboribsan-a!
Shunda Xoja Hofiz:
—   Ey, olampanoh, bir qoshiq qonimdan keching! — deb iltijo qiladi shoir. — Mening hamma boyligim egnimda turibdi. Qanaqa ekanini o‘zingiz ko‘rib  turibsiz.   Kambag‘alning  qo‘li  ochiq  bo‘ladi.
Turk go‘zalini ko‘klarga ko‘tarish maqsadida o‘sha ikki shaharni tortiq qilib yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim.
Amir Temur shoirga sinchiklab razm solsa, darhaqiqat, uning egnida juldur chopon, oyog‘ida esa titig‘i chiqib ketgan chiptakovush.
—   Ha-a, qo‘ling ochiq ekan! Juda olijanob inson ekansan! — deb chin dildan kulib yuboradi hukmdor. — Agar men buyuk amir bo‘lsam, sen buyuk shoirsan. Bundan keyin mening saroyimning to‘ri — seniki bo‘lsin. Umringning oxirigacha qavatimda yashayver; muhtojlik nimaligini bilmay, go‘zal g‘azallar yozavergin!
Bir oz sukut saqlagach, Amir Temur mulozimlariga nazar tashlaydiyu:
—   O’z shoirini izlab yurgan podshoning qo‘l ostidagi xalq baxtli bo‘ladi. Biroq, o‘z hukmdorini izlab yurgan shoirning xalqi baxtsizdir. Mening bu so‘zlarim hargiz yodingizda bo‘lsin! — deydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:32:21
Shoxonov. Endi yana bugungi kunlarimizga qaytamiz. 1995 yil bahorida qirg‘iz matbuoti: «Aytmatov o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘ysa ajab emas!» deb shov-shuv ko‘tardi. Sizning Qirg‘izistondagi va butun turk olamidagi obro‘-e’tiboringizni yaxshi biladigan odamlar: «Nima bo‘pti, Chike bemalol prezident bo‘lishi mumkin», deyishardi. Bunday mish-mishlar kundan-kun avj olib ketaverdi. Nihoyat, o‘zingiz Belgiyadan telefon qilib qoldingiz. Men odamlar og‘zida yurgan mish-mishlarni gapirib berdim. Shunda Siz: «Shaxsan menga va, umuman, qirg‘iz xalqiga yaqin bo‘lgan odam sifatida matbuotda suhbatingni chop ettirgin. Bunday mish-mishlar quruq gap ekanini, haqiqatdan uzoq ekanini tushuntirib bergin. Nazarimda, bunday mish-mishlar jamiyatimiz barqarorligini izdan chiqarib yuborishdan manfaatdor bo‘lgan kimsalar uchun kerak», dedingiz. Men darhol matbuotda suhbatimni e’lon qildim. Qirg‘iz tuprog‘ida mish-mish tarqalmasligi uchun qo‘limdan kelgancha hissa qo‘shdim.
Keyinchalik Nursulton Nazarboev Frantsiyada Siz bilan uchrashgan chog‘ida o‘sha masala xususida fikr almashganini gapirib berdi. «Ulkan yozuvchiga prezidentlikning nima keragi bor?.. Adabiyotning vazifasi — boshqa. Xudoga shukr, Chikening obro‘-e’tibori prezidentnikidan kam emas. Anavi mish-mishlarni og‘ziga kuchi yetmaydigan kimsalar tarqatishyapti», dedi u.
Chike, hamma juda yaxshi eslaydiki, respublika parlamenti Sizning nomzodingizni prezidentlikka tavsiya etgach, rad etgansiz va Asqar Aqaevni tavsiya qilgansiz. Bu voqeaga bevosita aloqador bo‘lgan qalamkash do‘stimiz, Qirg‘iziston demokratik harakatining rahbarlaridan biri bo‘lgan Qazat Akmetov shunday hikoya qiladi:
«1990 yildan beri kamina rahbarlik qilayotgan «Qirg‘iziston demokratik harakati» partiyasi mamlakatda prezident lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifini parlament kun tartibiga kiritdi. Dastlab, bizning taklifimizni birorta ham deputat qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa-da, lekin vaqt o‘tishi bilan tarafdorlarimiz soni ortib boraverdi. Biroq, Qirg‘iziston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi bizning taklifimizga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsataverdi. Aftidan, ularning ko‘pchiligi Qirg‘iziston mustaqil davlat bo‘lishi mumkinligini hatto tasavvur eta olmasdi. Hokimiyat jilovini o‘z qo‘llarida ushlab olgan kimsalar imtiyozlardan mahrum bo‘lib qolishni aslo istamasdilar. Shu bois: «Sovet Ittifoqida bitta prezident bor. O’shaning o‘zi yetarli. Har bir respublikada yana prezident saylab o‘tirishga hech qanday xojat yo‘q», deb bayonot berishdi.
O’sha yilning noyabr oyida parlament majlislarida bo‘lib o‘tgan qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, prezident hokimiyatining tarafdorlari g‘olib kelishdi. Respublika partiya tashkiloti vaqtincha bo‘lsa-da tari-xiy sahnani tark etdi.
Takroriy saylov paytida ham birorta nomzod g‘alabani ta’minlaydigan darajada ovoz to‘play olmadi. Parlament siyosiy jihatdan boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Sessiyadagi munozaralardan so‘ng, nihoyat, 25 deputatdan iborat komissiya tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Komissiya tarkibida men ham bor edim. Bizning oldimizda juda murakkab vazifa turardi: xo‘sh, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti lavozimiga kimning nomzodini tavsiya etamiz?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:33:05
Bizning bir to‘xtamga kelishimizni sessiya uch kun mobaynida sabrsizlik bilan kutdi. Komissiya a’zolari asta-sekin ikki guruhga bo‘linib qoldi. 12 nafar deputat eski rahbarni prezident lavozimiga saylab olish maqsadiga umumxalq referendumi o‘tkazishni yoqlab chiqdi. Boshqa 12 nafar deputat esa prezidentlikka yangi nomzodlar ko‘rsatilishi kerak deb turib oldilar. Bitta deputat betaraf qoldi. Munozara qizib ketdi. Siyosiy kampaniyani sinchikovlik bilan kuzatib borayotgan jamoatchilik tashvishga tushib qoldi. «Qirg‘iziston demokratik harakati» sessiya davom etayotgan parlament binosi qarshisida kechasiyu kunduzi yoshlarning surunkali namoyishini uyushtirdi. Yoshlar «Aytmatov prezidentlikka nomzod!» degan shiorlarni ko‘tarib olishgan. «Oq uy» yonida 140 nafar saylovchi ochlik e’lon qiladi. Mana shunday og‘ir bir vaziyatda komissiya a’zolari: «Aytmatovning nomzodini prezidentlikka taklif qilamiz», degan qarorga keldilar.
U paytlari yozuvchining o‘zi Moskvada edi.
—   Hoziroq telefonda o‘zi bilan gaplashgin. Zudlik bilan bu yerga yetib kelsin! — deyishdi deputatlar bir ovozdan.
Biz To‘lamush Ukeev hamda Barpi Rispoevlar bilan birgalikda Moskvaga sim qoqdik. Xayriyat, yozuvchi uyida ekan. Men aytgan yangilikni diqqat bilan tinglagach, Aytmatov bunday deb javob berdi:
—   Prezident bo‘lish uchun tayyorgarligim ham, xohishim ham yo‘q. Bu juda mas’uliyatli, faxrli lavozim. Sizlarga mingdan-ming rahmat! Bunday lavozimga iqtisodchi, huquqshunos yoki qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis ko‘proq munosib bo‘ladi. Men yozuvchiligimni yuksak martabaga almashtirmoqchi emasman. Ijodiy rejalarim juda ko‘p. Xudo xohlasa, yangi asarlar yozmoqchiman.
Men noqulay ahvolga tushib qoldim. Biz unga, siz rozi bo‘lsangiz — bas, shak-shubhasiz prezident bo‘lasiz, dedik. Bizning so‘zlarimiz chin haqiqat edi. Agarda Aytmatov: «Bo‘pti, sizlar nima desalaring shu», deganda bormi, parlament uni prezident etib saylashi aniq edi.
Undan rozilik olib bo‘lmasligiga to‘la-to‘kis ishonch hosil qilganimizdan so‘ng: «O’zingiz kimni tavsiya etgan bo‘lardingiz?» deb so‘radik.
—   Ana bu boshqa gap, obbo, azamatlar-ey! — deb yengil tin oldi. — Allaqachon shuni so‘rash kerak edi... Men, masalan, prezidentlikka Asqar Aqaev nomzodini tavsiya etaman. U yuksak malakali, halol, ziyrak inson. Vaqti-soati yetgach, u haqiqiy rahnamo bo‘lib qoladi.
Asqarning o‘zi bu paytda Moskvada SSSR Oliy sovetining sessiyasida edi.
—   Bu taklifni Sizning nomingizdan parlament muhokamasiga tavsiya etishimiz mumkinmi?
—   Ha. Parlamentga mening nomimdan salom aytinglar. Agar Asqar saylansa, xalqimiz uchun ham, o‘zlaring uchun ham yaxshi bo‘ladi.
Buyuk yozuvchining fikr-mulohazalarini kutib o‘tirgan 114 nafar deputatdan iborat parlament, nihoyat, yangilikni eshitib yengil tin oldi.
Shunday qilib, ikkinchi turda ko‘p ovoz olgan Asqar Aqaev Qirg‘iziston Respublikasining birinchi prezidenti etib saylandi».
Chike, Qazatning hikoyasidan ma’lum bo‘ladiki, jamoatchilik bilan parlamentning taklifini rad etganingizni, bir tarafdan, Siz tabiatan kamtarin inson deb, ikkinchi tarafdan, yozuvchilik kasbiga sadoqat deb baholamoq lozim. Shunday emasmi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:35:12
Aytmatov. Har kim o‘z kuchi va imkoniyatlari darajasida ma’lum bir yuksaklikka ko‘tariladi. Taqdir kaminaga yozuvchi qalamini hozirlab qo‘ygan ekan. Agar undan oqilona foydalanilsa, so‘z ham bebaho qurol bo‘lishi mumkin.

Shoxonov. SSSR Oliy sovetining a’zosi bo‘lib yurgan kezlarimda men birinchi marta Asqar Aqaev bilan tanishgan edim. Sessiya davomida uning vatanparvarligi ko‘pchilikni hayratga solgandi.

Men o‘sha kunlari Olmaotadagi dekabr voqealarini sessiyaning kun tartibiga kiritish uchun harakat qilib yurgan edim. Siz o‘shanda chet elga safarga ketgan edingiz. O’sha og‘ir damlarda go‘ring nurga to‘lgur Andrey Dmitrievich Saxarov yonimga kelib: «Agar bitta palataning to‘rtdan bir qismi, ya’ni 68 nafar deputat mana shu masalani qo‘llab-quvvatlab imzo chekib bersa, ko‘tarilgan masala hech qanday muhokamasiz ham kun  tartibiga  kiritilishi   mumkin»,   deb  maslahat bergandi. Bir necha kun davomida oyog‘imda oyoq qolmasdan har bir deputatning orqasidan chopib yurdim: qo‘limdagi ikki-uch sahifa xatni har biriga o‘qitib, to‘rt-besh daqiqa birovlarning og‘ziga mahtal bo‘lib turdim. Shunday qilib, uch-to‘rt kun o‘tdi. O’shanda dekabr voqealarini muhokama etilishini Qirg‘izistondan borgan 24 deputatdan faqat ikkitasi qo‘rqmasdan qo‘llab-quvvatladi, xolos. O’shalardan bittasi aynan Asqar Aqaev, ikkinchisi esa Talas viloyatidan saylangan haydovchi Teldibek Karimbekov edi.

O’zingiz bilasiz, haydovchi mashinasidan ajralib qolishdan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Lekin, totalitar rejim hali kuchli bo‘lgan bir paytda Asqar Aqaev respublika Fanlar akademiyasining prezidenti edi. Shunday bo‘lsa-da, qozoq demokratik yoshlarining xatti-harakatlarini, o‘sha rejimga qarshi bosh ko‘targan yoshlarni hech ikkilanmasdan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi xatga imzo chekadi. Bu imzoni men akademik Asqar Aqaevning insoniy jasorati deb baholadim. Mana shu imzosi uchun yuksak lavozimidan ajralib qolishi hech gap emasdi. O’shandan beri men favqulodda madaniyatli, odobli, olijanob bu inson bilan qalin do‘st bo‘lib qoldim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:37:58
Aytmatov. Endigina mustaqillikka erishgan mamlakatlarning prezidentlari hozirgi o‘tish davrida har tomonlama sinovdan o‘tayotirlar. Jamiyat faqat ikki holatda mana shunday mushkulotga duch kelishi mumkin: birinchisi — urush paytida, ikkinchisi — juda chuqur ijtimoiy o‘zgarishlar paytida.

Ko‘pincha kaminani-da hayron qoldiradigan Asqar Aqaevning matonati shundan iboratki, ko‘pincha bolg‘a bilan sandon orasida qolsa ham, qarama-qarshi tomonlarning tazyiqiga duch kelib tursa ham, u so‘z erkinligiga katta yo‘l ochib berdi. Qaerdaki, so‘z erkinligi va muxolifat taqiqlab qo‘yilsa, o‘sha yerda haqiqat o‘ladi.

Ko‘pincha hokimiyat muxolifatdan o‘lar darajada qo‘rqadi. Lekin, aslida, muxolifat hokimiyatni yeb qo‘ymaydi. Mamlakatning siyosiy yo‘li qanday, demokratik jarayonlarning qotili kim, kim davlat xazinasidan o‘g‘irlayapti, xorijiy mamlakatlardan kelgan qarzlar nimalarga sarflanyapti va hokazo ma’lumotlar ochiq-oydin fuqaroga yetkazilishi lozim. Muxolifat esa mana shularning barchasini har taraflama nazorat qilib turadi. Demokratik jamiyatda muxolifat halol raqib bo‘ladi; u har qanday xato va kamchiliklaringni yuzingga aytadi. Uning tanqidlari natijasida o‘z kamchiliklaringni tuzatib borasan.

Shoxonov. Mening nazarimda, Asqar Aqaev qamrovdor shaxs, olim iqtidori, siyosatchi qobiliyati, noyob vatanparvarlik xususiyatlari unda jam bo‘lgan ko‘rinadi. To‘g‘ri, Qirg‘iziston Respublikasining Prezidenti lavozimida endigina ish boshlagan kezlarda ba’zi birovlar uni ko‘ngilchanligi, nihoyatda boodobligi uchun tanqid qildilar. Biroq, o‘tgan davr ko‘rsatdiki, kimningdir g‘ururiga tegmasdan, kimningdir yoqasiga yopishmasdan, yana kimnidir «tuproq yeyishga» majbur qilmasdan ham mamlakatni boshqarish mumkin ekan.

O’z xalqining tarixini, madaniyatini, an’analarini yaxshi bilgan Aqaev xalq tajribasiga asoslangan ko‘p asrlik falsafa, umuminsoniy qadriyatlar tizimida oqilona mushohada yuritadi. Aqaev bilan suhbat qurgan har bir kishi biladiki, muloyim tabassum yoyilib turgan qiyofasida yoki xushnud nigoxlarida ulkan aql-idrok, qamrovdor dunyoqarash balqib turadi.
Bishkekda To‘qtagul nomidagi Qirg‘iziston davlat filarmoniyasi binosida o‘tgan mening ijodiy kechamda navqiron qirg‘iz shoiri O’mrbek Tillaboev juda yaxshi bitta she’rini o‘qib berdi. Zalda o‘tirgan Prezident: «Bu yigitdan zo‘r shoir chiqadi», dedi-da uning nomini yon daftarchasiga yozib oldi. Milliy boylikka munosib ulush qo‘shadigan har qanday yangilikni uchqun bergan chog‘idan e’tiboran qo‘llab-quvvatlash mamlakat rahbarining fazilati bo‘lishi kerak.

Aqaev o‘z asarlaridan tushgan mablag‘ hisobidan Aliqul O’smonovga haykal o‘rnatyapti. Qirg‘iz adabiyoti osmonida yashinday bir chaqnab so‘ngan bu shoir qisqa umr ko‘rdi, lekin o‘zidan keyin go‘zal ijodiy meros qoldirdi.

E’tirof etmoq joizki, keyingi yillarda odamlar umuman san’atga, xususan teatrga ham unchalik qiziqmay qo‘yishdi. Albatta, mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy ahvol bunga to‘siq bo‘lib turibdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:38:30
Qirg‘iziston Xalq artisti Arsen O’mraliev rahbarlik qiladigan Bishkek teatri o‘z tomoshabinlari uchun yapon dramaturgi Modzaemon Tikamatsuning «Amudzima» pesasini tayyorladi. Premeraga yirik jamoat va davlat arboblari, Asqar Aqaev boshchiligidagi chet ellarning elchilari taklif etildi.
Bu asar ilk bora qirg‘iz tilida namoyish etilayotgan bo‘lsa-da, lekin spektaklda qatnashgan artistlar ajoyib ijrochilik mahorati, yapon xalqining madaniyatini teran anglab yetgani, milliy o‘ziga xoslikni, dunyoqarashni aniq ifoda etganlari tufayli tomoshabinlar qalbida yorqin iz qoldirdilar.

Premeradan so‘ng fikr almashuv bo‘ldi. Bu muhokamada Qirg‘izistonning Yaponiyadagi sobiq bosh konsuli, hozirgi Qirg‘izistonning davlat kotibi Ishenboy Abdurazzoqov, Rossiyaning elchisi Mixail Romanov, Pokistonning elchisi Nazar Abbos, Hindistonning elchisi Ram Svarup Mukija va kamina ishtirok etdilar. Suhbat oxirida Asqar Aqaev so‘z olib, spektakl to‘g‘risida to‘lqinlanib gapirdi. Prezident badiiy asarni juda teran tushunganidan, kuchli quvvai hofizasidan hamma hayratlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Aqaev pesa matnini keltirib berishlarini so‘rab, diqqat bilan o‘qib chiqqan ekan. Keyin tarjimani taglama bilan taqqoslab ko‘ribdi. Tarjimaning yaxshi chiqqan o‘rinlari aniq misollar bilan ko‘rsatib berildi. Prezident faqat shular bilan cheklanib qolmasdan, Modzaemon Tikamatsu qalamiga mansub boshqa asarlarni so‘rab-surishtirib, qaysi tillarda chop etilganini aniqlab, bu asarlarni aynan mana shu janrda yaratilgan boshqa asarlar bilan taqqoslab ko‘ribdi.

Aktyorlar muallif fikrini aniq ifodalay olganlari, spektakl yuksak darajada chiqqani to‘g‘risidagi Aqaevning ma’ruzasini zalda to‘planganlar gulduros qarsaklar bilan kutib oldilar.

Boshqalarni bilmadim-u, shaxsan o‘zim spektaklga hech qanday tayyorgarlik ko‘rmasdan kelganim uchun uyalib ketdim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:40:02
Aytmatov. Qirg‘iz tuprog‘ida Aqaevdek birodarim borligidan bag‘oyat mamnunman. U cheksiz hokimiyatdan ham insoniylik nuqtai nazaridan foydalanish mumkinligini isbotlab berdi.

Shunday qilib, Misr ehromlaridan boshlangan suhbatimiz tabiiy ravishda bizning ajoyib zamondoshlarimizga — uch qardosh davlatning prezidentlariga kelib taqaldi. Hammaga birdek ma’qul bo‘ladigan rahbar borligi to‘g‘risida shu paytgacha eshitganim yo‘q. Hammaga birdek yoqadigan rahbar borligiga ishonmayman, Alalxusus, Nazarboev to‘g‘risida ham, Karimov to‘g‘risida ham, Aqaev to‘g‘risida ham xalq o‘rtasida, jamiyatda boshqacha fikrda yurgan odamlar bo‘lishi shak-shubhasiz. Ularning faoliyatiga har kim qarama-qarshi baho berishi hech gap emas. Demokratiya nuqtai nazaridan qaralsa ham bu holat mutlaqo tabiiydir.

Biz ularning hokimiyat cho‘qqisi tomon tashlagan ilk qadamlari, ma’naviy boyliklari, ularga aloqador bo‘lgan va o‘zimiz guvoh bo‘lgan voqealar to‘g‘risida qisman to‘xtalib o‘tdik, xolos.

Qalbimizni o‘rtayotgan tashvishlarni ham yashirib o‘tirmaymiz.

Shoxonov. Qalbimizni o‘rtayotgan tashvishning asosi, nazarimda, Saparmurod Niyozov — Turkmanboshining hozirgi rejimidir. Shaxsga sig‘inish natijasida xalq boshiga qanday musibatlar tushishi mumkinligini juda yaxshi biladigan Niyozovning o‘zi ham aynan o‘sha yo‘lni tanladi. U tiriklik paytidayoq o‘ziga ikki yuzdan ortiq haykal qo‘ydirganini orqavarotdan eshitgan har qanday odam beixtiyor kulib yuborishini u bilarmikan? Yoki bo‘lmasam, aytaylik, avlodlarni-ku qo‘ya turaylik, son-sanoqsiz xo‘jaliklarga, atroflarga, shaharlarga, hatto kanalga ham uning nomi berilganini, pulga rasmi bosilayotganini ko‘rib turgan zamondoshlar nima deb o‘ylashar ekan?

Aytmatov. Rus tilida chop etiladigan bitta koreys jurnalida Kim Ir Senga aloqador qiziq bir voqeani o‘qib qoldim. U Shimoliy Koreyani deyarli yarim asr boshqardi, hayot paytidayoq o‘zini ilohiylashtirib ulgurdi.

Bir marta toshqin paytida sohildagi qishloqlarni suv bosadi. Asov to‘lqin yosh go‘dagini opichlab olgan bir ayolni ham oqizib ketadi. Ayol oqib ketayotgan paytida suv yuzasida qalqib borayotgan Kim Ir Sen portretiga ko‘zi tushib qoladiyu qo‘lidagi bolasini tashlab, dohiy portretini qirg‘oqqa olib chiqadi. Jurnal o‘sha ayolning sa’y-harakatini yuksak vatanparvarlik namunasi deb baholaydi... Albatta, bu hol sanamga sig‘inishdan va siyosiy manqurtlikdan boshqa narsa emas.
Nadomatlar bo‘lg‘aykim, cheksiz hokimiyat odamlarni ko‘pincha o‘z qadr-qimmatini bilmaydigan, insoniy gururini his etmaydigan holatga keltirib qo‘yadi.

Prezident hokimiyati — inson boshiga qo‘nishi mumkin bo‘lgan baxt qushi, taqdirning buyuk inoyatidir. Ba’zilar bu siyosiy shohsupaga o‘z iqtidori, aql-idroki, o‘ziga xosligi va boshqa fazilatlari tufayli ko‘tariladi. Boshqalarga esa boshqaruv jilovi tasodifan nasib etadi. Tarixiy o‘tish davrida ko‘pincha shunday bo‘ladi. Boshqaruv jilovi gohida xalq oyog‘iga urilgan kishan bo‘lib qolishi ham mumkin.

Biz yuqorida eslatib o‘tgan ko‘plab tarixiy hodisalar shundan guvohlik beradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:41:23
Shoxonov. Hukmdor uchun tarix tarozisida faqat uch dona tosh bor: bu toshlarning nomlari — xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagidir. Uning oaql-idroki ou borada hakam bo‘lishi kerak. Aks holda, u xalq ishonchini yo‘qotadi. O’zim jiddiy hurmat qiladigan Ahmadjon Yesimovni Olmaota viloyatiga hokim etib saylashgach, hazil aralash:
— Mansab xaqiqiy yigit uchun — sinov. Faqat hozirgi zamonda emas, balki o‘tmishda ham shon-shuhratga befarq qaraydigan odam juda kam bo‘lgan. Umid qilamizki, sen o‘sha kamyob odamlar ro‘yxatidan munosib o‘rin olasan, — dedim.

Kambag‘al oilada dunyoga kelib, keyinchalik yuksak martabaga erishgan Ayoz biy shon-shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarilib, qudratga to‘lgan paytlarda ham saroy eshigida juldur kiyimlari osiq turar ekan. Shu narsalar unga o‘tmishini esiga solarkan.
Aytmatov. Masalan, Islom Karimov Jizzaxga safarga borgan paytida uning ikkita katta portretini osib qo‘yganlari uchun viloyatning ikkita rahbarini vazifasidan bo‘shatib yuborganini eshitib, juda xursand bo‘ldim.
Shoxnov. Bu tahsinga loyiq hodisa. Islom Abdug‘anievich kamtarlik masalasida buyuk bobolarining izidan ketyapti. Endi men «Temurning so‘nggi vasiyati» nomli yangi she’rimni o‘qib bermoqchiman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 18 Mart 2009, 18:42:49
Amir Temur askarlari
Samarqandga — poytaxtga
qaytdi uzoq yurishdan.
Oqshom edi. Ko‘ksaroyning
gumbazlari jilvagar...
G’alabaga ulush qo‘shgan
burong‘oru juvong‘orni
o‘z ko‘shkiga to‘pladi Amir.
Suhbat uzra tanbur navosi
taraladi ohista, ajib.
Go‘yo oqqush uchar havoda...
Shu dam turib Xoja Hofiz ,
o‘sha mashhur Hofiz Sheroziy
o‘qiy ketdi mumtoz bir g‘azal.
Hayajondan Amir bosh irgab:
— Qanday ajoyib!
So‘z muxtasar, tuyg‘u muxtasar! —
dedi ma’qullab.
Shu payt kimdir sakrab o‘rnidan
qayta-qayta ta’zimda bo‘lib,
so‘z so‘radi nogoh Amirdan:
—   Ulug‘larning ulug‘i Sizsiz,
donolarning Sizsiz donosi,
jasurlarning jasuri ham siz..
Boz ustiga, g‘azal muxlisi,
so‘z qudratin ilg‘aysiz nozik.
Faxrdamiz sizday Sohibqirondan!
—   Bas qil, yetar! — hayqirdi Amir. —
Sen chiroyli yolg‘on aytasan!
Bilmaysanki, so‘z bo‘lmasa,
kuy bo‘lmasa, ey, sen mutombir,
bu dunyoda yashab qaytasan?
Go‘zallikni qadrlamoq vazifasi odamning!
Buning uchun yalab-yulqamoq
erur ishi faqat nodonning!
Shunday deya qattiq tikildi:
—   Kim bo‘lasan, ayt o‘zing?
—   Xurosonning hokimidurman.
Tabriklashga kelgan edim
Siz erishgan g‘alaba bilan!
—   Sen shu tobdan emassan hokim!
Shunday bo‘lar — bu mening hukmim.
—   Gunohim ne, o‘-o‘, ulug‘ amir?
Bechorahol so‘rar qaltirab.
Sen ayyorsan misoli tulki,
bilasanki, xushomad qurol!
Dosh berolmas ne-ne ulug‘lar.
Hukmdorning haqiqatini
shu xushomad albat o‘ldirar.
Kasofati senga emas, xalqqa uradi.
Bundan buyon amirlik so‘zim:
mamlakatda mendan tortib,
kim xushomad, maqtovlar aytsa,
haddan oshib bitsa qasida,
jazolansin, balki shunda
mamlakatda turadi tartib.
Sen-chi, hokim, yo‘ldan nari tur, —
deb Amir anjumanni tark etdi mag‘rur...
Qatimizda o‘giribdi mana, yosh hokim.
Olti asr beridan turib,
kech bo‘lsa-da o‘zib vaqtni
qayta-qayta o‘ylab ko‘rsin
Amir Temur vasiyatini
mana shu hokim!



1 А ивостга асосланган воқеа тасвири М.Шохоновга ҳавола, чунки унинг тарихий ҳақиқатга сқинлиги сҳтимолдир. Хожа Ҳофиз Шерозий она шаҳридан ташқари чиқмаган муқим ссфий шоир.— Муҳаррир.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:32:34
Aytmatov. Ha, bu she’r mazmunini har birimiz jiddiy o‘ylab ko‘rmog‘imiz lozim. Uning mag‘zini chaqish kerak.

Men Qirg‘izistonning turli burchaklaridan ko‘plab maktublar olib turaman. Xalqning turmush darajasi pasayib ketdi, ekologik halokat, insoniy fazilatlar puturdan ketyapti — hammasini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Bular hech tugamaydigan musibatnomaga o‘xshaydi. Ayniqsa, bir maktub yuragimga qattiq botdi.

— Bizning Konstitutsiyamizga «duo» va «qarg‘ish» to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilishi lozim, — deb yozadi maktub muallifi. — O’z xalqi uchun ko‘p mehnati singan, jamiyatni olg‘a siljitgan, og‘ir damlarda bizni yolg‘izlatib qo‘ymagan rahbarlarni duo qilamiz. Unday rahbar o‘sha daqiqadan e’tiboran «Duo olgan inson» degan faxriy unvonga sazovor bo‘lsin. Lekin, jamiyatni parokanda qilib yuborgan, qora ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan, davlat mulkini talon-taroj qilgan, shaxsiy manfaatini jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘ygan rahbar, aksincha, bizdan qarg‘ish olishi kerak. U odamlardan o‘zini chetga tortib yursin, birovning ko‘ziga tik qaray olmasin, xalqning tavqi la’natiga yo‘liqsin!

Ovulda yashaydigan oddiy odamlar barcha muammolarni yurakka yaqin oladilar.

Shoxonov. Chike, Siz faqat Markaziy Osiyo respublikalarining davlat boshliqlarini emas, balki boshqa hamdo‘stlik mamlakatlarining rahbarlarini ham yaxshi bilasiz. O’sha odamlardagi qanday xususiyatlar xalqlar kelajagi uchun g‘ov bo‘ladi?

Aytmatov. Nazarimda, g‘ov bo‘ladigan to‘rtta unsur bor. Ayrim prezidentlar «men» olmoshini tez-tez ishlatib turadilar. Bundan ehtiyot bo‘lmoq darkor. Chunki, bugungi «men» ertaga borib «Davlat — bu men!» degan mashhur iboraga aylanib ketishi hech gap emas.
Ikkinchidan, cheksiz hokimiyatga ega bo‘lgan hukmdorlar ba’zan xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Biroq, ular o‘z xatolarini tanqid qilishga ham, muhokama etilishiga ham aslo izn bermaydilar. Xatolarini xalqdan yashiradilar. Demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan mamlakatlarda prezidentning har bir harakati, har bir qaror qat’iyan nazorat ostida bo‘ladi. Bunga juda ko‘p misollar bor.

Uchinchi xavf shundan iboratki, parlamentning haq-huquqlarini, imkoniyatlarini prezident cheklab qo‘yishga, uni o‘z irodasiga bo‘ysundirishga intiladi. Masalan, davlat boshlig‘ining shaxsiy samolyoti uning aybi bilan ikki soat mobaynida bekor turgani uchun parlament qaroriga ko‘ra prezidentga jarima solinadi. G’arb mamlakatlarining birida shunday voqea bo‘ldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:35:08
To‘rtinchidan, haddan tashqari hamd-sanolar, sig‘inishlar, xushomadlar aslo rag‘batlantirilmasligi kerak. Shirin so‘zlar to‘lqinlantirmaydigan, maqtovga befarq rahbarlar juda oz. Shubhasiz, unday shaxslar bor. Vaqt borida es-hushni yig‘ishtirib olish lozim. Vasvasaga uchmasdan, odam o‘zini idora qila olishi darkor. Bu narsa mamlakat rahbari uchun ham, xalq uchun ham zarur.

Qadim zamonlardan to XX asr adog‘igacha o‘tgan yoki hayot bo‘lgan har toifadagi hukmdorlarning ma’naviy boylikka munosabatlari, ularning e’tiqodi, asil haqiqati va yolg‘on haqiqati to‘g‘risida suhbatlashdik. Agar bizning bu suhbatimiz zamondoshlarimizni, ehtimol, hozirgi va bo‘lajak prezidentlarni, hech shubha yuq, bir soniya o‘ylashga undasa — bas, o‘z oldimizga qo‘ygan vazifamizni bajargan bo‘lamiz. Shu bois ushbu suhbatni turli davrlarda yashab o‘tgan donishmandlarning hokimiyat va ma’naviyat to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari bilan yakunlashni istardim.
Pifagor. «Ahmoqning qo‘liga qilich berish ham, vijdonsizning ixtiyoriga hokimiyatni topshirib qo‘yish ham birdek xavflidir».

Sh. Monteske. «Qasamyod bo‘yicha, qonunlar doirasida, muqaddas bayroq ostida harakat qilayotgan mustabid podshodan ham dahshatliroq dushman bo‘lmaydi».
D. Didro. «Zo‘rovonlikka asoslangan hokimiyat aynan zo‘rovonlikning qurboni bo‘ladi».
J. Labryuyer. «Faxrli joy munosib insonni yanada yuksaltirib yuboradi, mayda odamni esa battar bachkanalashtirib qo‘yadi».
So‘zimning oxirida aytmoqchimanki, xalqning axloqiy qadriyatlaridan, ma’naviy hayotidan ayricha yo‘l tutadigan hukmdorlardan bizni taqdiri azalning o‘zi asrasin!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:40:31
ADASHGAN OQQUSHLAR QICHQIRIG’I
YOKI
MEDUZALARNING SIRI

Dunyodan umidlari uzilgan, muqarrar halokatga mahkum bo‘lgan Xo‘jayoshning o‘krab-o‘krab, sannab-sannab yig‘layotgan tovushi tog‘-toshlar uzra uzoq vaqt taralib turdi. U haddan tashqari shafqatsiz, bemehr, adolatsiz bo‘lgani uchun o‘zini o‘zi qarg‘ab-qarg‘ab yihg‘lardi. Mana shu xosiyatsiz qoyadan ajal komiga uchib ketajagini bilib, sho‘r peshonasiga mushtlab-mushtlab yig‘lardi. Uning motamsaro tovushini eshitgan inson ham, yirtqich hayvon ham qo‘rquvdan dahshatga tushardi.
Biroq, nihoyatda kechikib aytilayotgan istig‘fordan, achchiq tavba-tazarrudan endi hech qanday foyda yo‘q edi...

Chingiz Aytmatov

Qadimdan insonning hamrohi — qo‘shiq,
O’z qo‘shig‘in aytar hayotda har kim.
Tog‘da aytsang qanday mo‘‘jiza?
Aytganingni qaytaradi allakim.
Dunyo odil, shuning bilan go‘zaldir,
har kim ekkanini albat o‘radi.

Barcha qilgan yaxshi-yomonlik
qaytmog‘i chin boshqa bir yoqdan.
Vaqti kelib najot, omonlik
«Al qasosul minal haq»dadur.

Muxtor Shoxonov
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:42:56
Aytmatov. Bir kuni Yaratgan Egam: «Yer yuzasidagi butun tiriklikni ixtiyoringga topshiryapman. Bepoyon tekisliklar, purviqor tog‘lar, ko‘m-ko‘k dengizlar, zilol ko‘llar, quyuq o‘rmonlar — hamma-hammasi seniki. Jamiki maxluqlar ham sening hukmingda bo‘lsin. Bularning hammasiga, birinchidan, O’zim, ikkinchidan, sen javob berasan. Hayot Yer yuzida gullab-yashnaydimi yoki hammasining kuli ko‘kka sovuriladimi — faqat senga bog‘liq. Hammasi uchun Mening oldimda o‘zing javob berasan», debdi odamga. Shunday qilib, inson cheksiz hokimiyatga ega bo‘lishdek sharafga muyassar bo‘lgan ekan.

Yer yuzida qanchadan-qancha tirik maxluqot borligini va yana qanchadan qanchasi inson qo‘li bilan yo‘qotib yuborilganini o‘ylasang, beixtiyor badaning junjikib ketadi.

Xo‘jayosh ismli mashhur ovchi va uning fojiali taqdiri to‘g‘risida qirg‘izlarda qadimiy afsona bor. Bir paytlar men o‘sha afsonani taniqli yapon faylasufi Daysaku Ikedega gapirib bergan edim. Keyinchalik xalq afsonasini odamlar og‘zidan qayta yozib oldim, yangi tafsilotlar bilan boyitdim.

Juda uzoq yillar muqaddam bepoyon sahrolaru ulug‘vor tog‘lardan iborat bo‘lgan azaliy qirg‘iz yurtida Xo‘jayosh ismli yoshgina ovchi yashagan edi. U hurkak yovvoyi echkining ko‘zini bexato mo‘ljalga oladigan usta mergan edi. Bo‘rining izidan qush kabi shiddat bilan quvlab yetardi, yirtqichni yiqitardi. Bahaybat tog‘ cho‘qqilarini bemalol zabt etardi, dovyurak edi. U qo‘lga kiritgan o‘lja faqat uzoq-yaqin qarindoshlariga emas, balki butun ovulga ham yetib-ortardi. Xo‘jayosh ro‘para kelgan hayvonni o‘ldirmaguncha tinchimasdi; o‘zini shu yurtning xo‘jayinidek his qilardi: o‘ziga bino qo‘ygan edi.

Ajoyib kunlarning birida go‘zal qizga uylanmoqchi bo‘lib, oshlangan yo‘lbars,  tulki terilarini xurjunga joylab, terilarning paxmoq va mayin yunglarini silab-siypalab sovchilarni «qulchilik»ka jo‘natadi. To‘y kuni ham belgilanadi. To‘yga juda ko‘p sarf-xarajat zarurligi ravshan edi. Xo‘jayosh neki boylikka ega bo‘lsa, hammasini faqat ovchiligi orqasidan topgandi. To‘y kuni yaqinlashgani sari u tez-tez ovga otlanadigan, ko‘plab har xil hayvonlarni o‘ldiradigan bo‘ladi. Go‘zal kelinchakning visoliga yetishmoq uchun hech narsadan qaytmaydi. Kechasi ham, kunduzi ham orom nimaligini unutadi. Yo‘lida uchragan hayvonni ham, qushni ham ayamasdan qiyrataveradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:46:56
O’lja izlab yurgan ovchi bir kuni kutilmaganda suv kalamush oilasiga duch kelib qoladi; shu kuni suv kalamush oilasida kelintushdi bo‘layotgan ekan. Suv kalamushlar oydin tunda xuddi odamlar kabi qo‘shiq aytishib, o‘yin-kulgi qilishardi. So‘ng kelinni qo‘shni inga — kuyov huzuriga kuzatib qo‘yadilar. O’yin-kulgiga berilib ketgan hayvonlar odatdagi ehtiyot choralarini unutadilar. Kelinni kutib olish uchun baxtiyor kuyov o‘z jo‘ralari qurshovida chiqib keladi. Bir-birlari bilan yuz ko‘rishgan quda-qudag‘aylar to‘y tantanalarini davom ettiradilar. Bu marosimni sas chiqarmasdan kuzatib o‘tirgan Xo‘jayosh yaqinda bo‘lajak o‘z to‘yini, kelinchakni ko‘z oldiga keltiradi — yuragi orziqib ketadi. Suv kalamushlarning mo‘ynasi qimmatbaho edi. Undan chiroyliroq, qimmatroq narsani deyarli topib bo‘lmasdi. Agar hozir anavi hayvonlar qo‘lga tushirilsa, bundan ortiq o‘lja bo‘ladimi?! Xo‘jayosh egnidan po‘stinini yechadiyu shu zahoti o‘yin-kulgi bilan ovora bo‘lgan suv kalamushlar ustiga yopib, hammasini bosib oladi va hayvonlarni bitta-bittadan bo‘g‘ib o‘ldiradi.
Tog‘ daralari orasiga quvlab kiritilgan yovvoyi echkilarni ham u xuddi shunday shavqatsizlik bilan mahv etadi. Tirik qolgan Kulrang Echki ovchining yoniga kelib: «Yovvoyi echkining ko‘ziga bexato uradigan ovchi faqat sensan. Bu olamda sendan boshqa usta mergan bo‘lmasa kerak. Lekin, hamma narsaning ham chegarasi bor. Aftidan, sen o‘sha chegarani esingdan chiqarib qo‘ygan ko‘rinasan. O’tinib so‘rayman, endi bizga tegma, rahming kelsin! Bizning avlodimizdan faqat bir juft echki qoldik. Naslimizni davom ettirishimiz uchun imkon bergin, bizni qirib yubormagin!» deb Kulrang Echki yig‘lab yuboradi.
Xo‘jayosh echki bilan pachakilashib o‘tirmaydi — bir o‘q bilan uni yiqitadi. Buni ko‘rgan sovliq echki: «Sen echkilar naslining urug‘ini quritding! Bitta o‘q bilan butun umidimizni puchga chiqarding-ku! La’natlar bo‘lsin senga, Xo‘jayosh! Shu daqiqadan boshlab endi birorta jonivorni otolmaysan. Agar ishonmasang, mana, meni otib ko‘rchi!» deydi yurak-bag‘ri xun bo‘lib.
O’ziga bino qo‘ygan ovchi sovliqning gaplarini eshitib, miyig‘ida kulib qo‘yadi. Keyin tizzalariga shap-shap urib qahqaha otib yuboradi. Jarangdor kulgi tovushidan tog‘lardagi toshlar yumalab tushadi. Lekin, sovliq echkining gaplari chin haqiqat bo‘lib chiqadi: Xo‘jayosh pinak buzmay echkini nishonga olib o‘q uzadi-yu, biroq na birinchi, na ikkinchi, na uchinchi o‘q mo‘ljalga tegadi!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:52:30
—   Hechqisi yo‘q, men senga quvlab yetamanda pichoq bilan bo‘g‘izlab o‘ldiraman! — deydi ko‘ziga qon to‘lib ketgan ovchi.
U sovliqning ortidan tashlanadi. Kulrang sovliq esa toshdan toshga, qoyadan qoyaga yengilgina sakrab-sakrab toshloq dara bo‘ylab cho‘qqiga qarab qochib boradi. Xo‘jayosh ham jon holatda sovliq ortidan tirmashib yuqoriga chiqaveradi va ilgari odam oyog‘i yetmagan tik qoya ustiga qanday qilib chiqib qolganini o‘zi ham sezmaydi. Es-hushini yig‘ib, mundoq atrofiga qarasa, o‘q yetmas masofada faqat yaydoq qoyalar ko‘rinadi. Orqaga qaytib bo‘lmasdi. Shunda kulrang sovliq echki:
—   Son-sanoqsiz o‘ldirilgan hayvonlarning xunini to‘laydigan payt keldi, — deydi. — Sening dastingdan biz ozmuncha ko‘zyosh to‘kdikmi! Endi so‘nggi damlarda o‘zing ham yig‘lab-yig‘lab to‘yib olgin!
Dunyodan umidlari uzilgan, muqarrar halokatga mahkum bo‘lgan Xo‘jayoshning o‘krab-o‘krab, sannab-sannab yig‘layotgan tovushi tog‘-toshlar uzra uzoq vaqt taralib turadi. U haddan tashqari shafqatsiz, bemehr, adolatsiz bo‘lgani uchun o‘zini o‘zi qarg‘ab-qarg‘ab yig‘lardi. Mana shu xosiyatsiz qoyadan ajal komiga uchib ketajagini bilib, sho‘r peshonasiga mushtlab-mushtlab yig‘lardi. Uning motamsaro tovushini eshitgan inson ham, yirtqich hayvon ham qo‘rquvdan dahshatga tushardi. Biroq, nihoyatda kechikib aytilayotgan istig‘fordan, achchiq tavba-tazarrudan endi hech qanday foyda yo‘q edi.
Taqdirning og‘ir zarbasiga uchragan Xo‘jayoshning qallig‘i kechirim so‘rash uchun kulrang sovliq echkini qidirib tog‘lar tomon otlanadi. Bir necha yil izlaydi, lekin kulrang echki qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Ovchining qallig‘i keksayib, kampirga aylanadi. G’am-anduh ezib yuborgan kampir bir kuni to‘y-to‘y o‘ynayotgan suv kalamushlarni uchratib qoladi. Oydin oqshom edi. Kelinni kuyov huzuriga uzatib borayotgan hayvonchalar oy shu’lasida qo‘shiq kuylashardi, raqsga tushardi.
Bu holatni ko‘rgan Xo‘jayoshning qallig‘i achchiq-achchiq yig‘lab yuboradi:
—   Hech bo‘lmasa, mana shu hayvonlarga ato qilgan quvonchlaringdan zarrasini menga ravo ko‘rmadingmi, taqdir!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:53:17
Shoxonov. Xo‘jayosh to‘g‘risidagi afsona — bu insoniy azob-uqubatlarning yuksak namunasi. Inson vaziyatga har xil nuqtai nazardan baho beradi, har xil tushunadi, lekin fojia ro‘y bergandan keyingina haqiqatni tushunib yetadi.

Aytmatov. Lyuksemburgda bir kuni huzurimga nemis kinochilari keldilar-da, siz haqda film yaratmoqchimiz, deyishdi.
—   Qanday qilib suratga olasizlar? — deb so‘radim.
—   Kabinetingizda suhbatlashib o‘tirganimizni suratga olamiz.
—   Unday qilsangiz, eskilarini takrorlagan bo‘lasiz. O’zim yaxshi ko‘radigan bir joy bor. Yuringlar, gapni o‘sha yerdan boshlaymiz, — deb kino xodimlarini ortimdan ergashtirib ketdim.

Bryussel — Lyuksemburg — Trier — Kovpets — Frankfurt yo‘nalishi bo‘yicha o‘tadigan tezyurar avtoyo‘l yoqasiga bordik. Bu yo‘ldan kechasiyu kunduzi har tomonga olti qatordan tizilishib olgan turli tuman avtomobillar o‘qday uchib o‘tadilar. Yo‘lning har ikki yoqasiga yuzlab chaqirim masofalarga mustahkam temir to‘siqlar tortilgan. Tasmadek beton yo‘l toglarni, dalalarni, o‘rmonlarni, ko‘llarni kesib o‘tadi. Yo‘lning ikki tomonida qolgan hayvonlar bir-birlari bilan uchrashish imkoniyatidan mahrum bo‘lganlar. Tabiatning yaxlitlik qonuni buzilgan. Mana shu muammoni hal etish uchun odamlar nimalarni o‘ylab topganlar? Yo‘lning har o‘n chaqirimiga bittadan maxsus ko‘prik qurilgan: bundan kiyiklar, qobonlar, quyonlar, chayonlar, ilonlar o‘tadi. Bizning mamlakatimizda esa, hayvonlarni-ku qo‘ya turaylik, hatto odamlar o‘tishi uchun chiroyli osma ko‘priklar qurish — ushalmaydigan orzu.

Kinochilar bilan birga o‘shanday g‘aroyib ko‘priklardan birining yoniga borganimizdan so‘ng:
— Xudbinlik ustidan insoniylik g‘olib kelgan yorqin misol ana shu, — dedim. — Tabiatni shunday e’zozlash kerak.
— Men osma ko‘prik ustiga chiqib, bo‘lajak film uchun bitta hikoyani gapira boshladim. Keyinchalik o‘sha filmning davomi Qirg‘izistonda, Talas tuprog‘ida suratga olindi. Sen Shakar ovulida uchratgan ko‘pchilik yoshlar, keksalar filmga tushganlar. Lekin, gap bunda emas. Asosiy masala — ekologiya uchun har bir inson javobgar bo‘lishi kerak.
Bo‘ri, tulki, ayiq, olmaxon qirilib ketmasin deb harqancha ayuhannos solmaylik, ammo hech qanday naf bo‘lmaydi. Asosiysi — odamlarni tiriklikka muhabbat va darddoshlik ruhida tarbiyalash lozim. Har kim jonivorlarga yordam bersin, vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgarishiga hissa qo‘shsin.

Lyuksemburgda ko‘rganim ko‘priklar go‘yo hayvonlarga qarata: «Tinch-totuv hayotingizni, oromingizni buzganimiz, tabiatni payxon qilganimiz uchun bizni kechiringlar! Mana shu ko‘priklar sizlar uchun barpo etildi, marhamat, foydalanaveringlar!» deb turgandek tuyuladi. Bizga aynan o‘sha narsa yetishmaydi: yaxshi gaplarni ko‘p aytamiz, ammo amalda hech narsa o‘zgarmaydi — gaplarimiz havoga uchib ketadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:54:45
Shoxonov. Sizning «Asrni qaritgan kun» romaningizda Edigeyning Qoranor ismli tuyasi har bahorda arqonini uzib, ovuldan qochib ketadi va sahrodan kuyikib turgan juftini topib, o‘n ikki oy mobaynida to‘planib qolgan shahvat olovini so‘ndiradi, nafsi qondirilgandan so‘ng ozib-to‘zib egasining qoshiga qaytib boradi. Edigeyning o‘zi ham Qoranor qaysi urg‘ochining yoniga ketganini biladi; shu bois uni izlab yurmaydi, faqat qaytib kelishini kutadi. O’ylab ko‘rilsa, o‘sha Qoranorning ham o‘z «men»i bor ekan. U nafsini qondirish uchun yo‘lida uchragan har qanday g‘ovni kunpayakun qilib yuboradi.

Yovvoyi bug‘ularning hayoti to‘g‘risidagi qiziq bir filmni ko‘rib qoldim. Bir qarashda yuvosh ko‘rinadigan bu hayvonlar birgalikda o‘zlariga munosib yaylov tanlaydilar, suv ichadigan joy topadilar, yirtqichlardan ham birgalashib o‘zlarini himoya qiladilar. So‘ng ochiq maydonda bir-birlari bilan o‘zaro kuch sinashadilar. Kuyikish mavsumida dag‘-dag‘ titrayotgan urg‘ochilari bir joyda to‘planib turadilar; erkaklar esa bir-birlari bilan shoxlashadilar. Agar shoxlari chuvalashib qolsa, bir-biridan ajraladiyu orqasiga tisarilib, yana to‘qnashadilar. Bunday paytda shoxlari kuchli zarbalarga dosh berolmasdan sinib ketsa kerak deb o‘ylaysan kishi.
Erkak bug‘ular orasida kelishgan, kuchli bittasi bor edi. U bulturgi bellashuvda raqiblarini dog‘da qoldirib, yigirmadan ortiq urg‘ochi bug‘uga yolgiz o‘zi egalik qilgandi. Bu safar ham sakkizdan ortiq shoxdor erkak bug‘uni birpasda bir yoqlik qiladi. Kuchli zarbalardan so‘ng bug‘ularning shoxidan uchqun chiqib ketganday bo‘lardi. Yengilgan erkak bug‘ular boshini xam qilgancha bir chetga chiqib turishardi. Nihoyat, jang maydonida bulturgi g‘olib bilan yoshgina qaysar bug‘u yuzma-yuz qoladi. Ular o‘rtasidagi kurash odatdagidan uzoqroq davom etadi. Hech biri taslim bo‘lishni istamasdi. O’z ustunligini dovyuraklik bilan namoyon qilayotgan yosh bug‘u oxirgi kuchlarini to‘plab, raqibiga qaqshatgich zarba beradiyu bulturgi g‘olibni qulatib yuboradi; so‘ng shoxi bilan qovurg‘asini sindiradi. Mag‘lub bug‘u maydonni tashlab qochadi. Ayovsiz jangni qiziqib tomosha qilayotgan urg‘ochi bug‘ular darhol g‘olib atrofini qurshab oladilar va uning xohish-irodasiga osonlikcha itoat etadilar.
Hayot uchun kurash oson kechmaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:56:29
Aytmatov.   Nasl  qoldirish  instinkti  hayvonlar o‘rtasida juda kuchli rivojlangan. Kuyikish mavsumida hayot-mamot uchun jang qiladigan erkak bug‘ular tabiatning buzilmas qonuniyatiga amal etmaydilarmi? O’z-o‘zini saqlab, yashab qolish qonuni hayvonlardan tabiiy tanlanishni talab qiladi; naslni faqat sog‘lom va kuchli hayvonlar davom ettirishi kerak. Bug‘ular jangi kelajak avlod oldidagi javobgarliklan boshqa narsa emas.

«Olloh otaga nimani bergan bo‘lsa, o‘g‘ilga ham o‘shani beradi», deb bekorga aytishmaydi. Bu ibora tabiatda murosasiz kurash asosida tabiiy tanlanish va nasl qoldirish huquqiga ega bo‘lish uchun bellashuv bo‘lajagini tasdiqlab turibdi. Sir emaski, kasalmand, kuchsiz bug‘ulardan o‘zlariga o‘xshash nasl dunyoga keladi va ayovsiz hayot sharoitida halokatga mahkum bo‘ladilar.

Shoxonov. Ilmiy tadqiqot natijalariga qaraganda, nafaqat hayvonlar, balki o‘simliklar olamida ham o‘ziga xos urf-odatlar bo‘lar ekan. O’simliklarning bahorda gullab, kuzda urug‘ tugishida hikmat borga o‘xshaydi. Biolog-olimlar ultratovush apparatlari yordamida o‘simliklarning yaproqlarida qiziq tajriba o‘tkazadilar.

O’simlik tanasiga maxsus moslama joylashtirib qo‘yilgach, olim o‘simlik yaprog‘ini uzib olish uchun qo‘l uzatadi. Qo‘l yaproqqa tegar-tegmas ekranda titroq paydo bo‘ladi. Olimlarning fikricha, bu qo‘rquv nishonasi edi. O’simlikning holatini olimlar bunday baho berishadi.
—   Diqqat, xavf paydo bo‘ldi!
—   Men o‘lamanmi yoki yashaymanmi?
—   Meni ushlab olishdi!
—   Men o‘lyapman!
Yaproq uzib olinishi bilanoq ekrandagi titroq yo‘qoladi. Bu hol kimningdir umri tugaganini bildiradi.

Tabiat mo‘‘jizalarga to‘la: sirtdan qaralsa, juda oddiy ko‘ringan yaproq ham his-tuyg‘ulardan begona emas. Biz bo‘lsak, nafaqat yaproqlarni emas, balki butun boshli o‘rmonlarni ham yo‘qotib yuboraveramiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 15:57:36
Aytmatov. Bog‘da o‘sayotgan chinnigullar ustidan o‘tkazilgan bitta tajriba to‘g‘risida o‘qiganim bor. Agar gullar ustiga yosh qizlar engashsa, gullar darhol ochiladi — go‘yo xursand bo‘ladilar. Agar gullar yonidan achib-bijg‘ib ketgan biror kishi o‘tib qolsa, darhol bujmayib qolishadi — hafa bo‘ladilar. Agar tamaki hidi anqib turgan shirakayf odam gullarga yaqinlashsa — bas, darhol ko‘rak bo‘lib qolishadi. Bu hayron qoladigan hodisami?

Ha, Yer yuzidagi har qanday tirik unsur o‘zining «men»iga ega bo‘ladi. Hayvonlarning ongi esa ma’lum darajada shakllangandir. Ular uchun «yaxshi ko‘rish», «yomon ko‘rish» kabi tuyg‘ular begona emas. Qolaversa, xayvonlar o‘rtasida ba’zan inson ibrat olsa arziydigan say’-xarakatlar xam uchrab qoladi.

Masalan, xalq orasida xosiyatli hisoblangan oqqushlar paloponlik davridan e’tiboran juft-juft bo‘lib, to umrlarining oxirigacha bir-birlaridan ajralmay yashaydilar. Juftidan ayrilgan oqqush o‘zini yashin tezligida yerga urib o‘ldirganini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. U ayriliqqa chiday olmaydi: hech qanday ovqat yemay qo‘yadi va ixtiyoriy ravishda o‘zini ochdan o‘ldiradi. Okqush muhabbati juda kuchli bo‘ladi.

Menimcha, quruqlikda va suvda yashaydigan ko‘pchilik jonivorlar mehr-shafqat, nafrat kabi tuyg‘ularga ega bo‘lsa kerak.
Himolay tog‘larida yashaydigan tay xalqi yosh kelin-kuyovga:
— Bir-birlaringni xuddi kitlardek yaxshi ko‘ringlar, bir-birlaringga xuddi itlardek sadoqatli bo‘linglar! — deb tilak bildiradilar.
Aytishlaricha, o‘sha xalq lug‘atida bundan ortiq ezgu tilak yo‘q ekan.
Itning vafodorligini hamma biladi. Lekin, kitning muhabbati to‘g‘risida hali eshitmagan edim. Ko‘pdan beri shu savol boshimni qotirib kelardi. Yaqinda Kaliforniya bo‘g‘ozida ro‘y bergan bir voqea to‘g‘risidagi maqolani o‘qib qoldimu o‘zimni ko‘pdan qiynab yurgan savolga javob topdim.
«Atorrante» nomli kit ovlaydigan kema o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan kezlari suvda bir juft o‘tkir tishli kitlarni uchratadi. Urg‘ochisi otib o‘ldiriladi  va o‘ljani kema bilan sudrashib qirg‘oqqa olib chiqadilar. Jufti halolini asirga tushib qoldi deb gumon qilgan erkak kit ergashib keladi, uni qutqarib olmoqchi bo‘ladi. Atrofda ancha vaqtgacha aylanib yurgach, urg‘ochi kit o‘lganini biladi. G’azabi qo‘zib ketgan kit birdan hujumga o‘tadi. U butun kuchini to‘plab kemaga o‘zini uradiyu «Atorrante»ni ag‘darib yuboradi. Ovchilar bebaho o‘ljani qo‘lga kiritganidan xursand bo‘lib ulgurmasdan yomon ahvolga tushib qoladilar. Xayriyat, ekipaj a’zolari bir ilojini qilib omon qoladilar.

Nazarimda, insoniyatning asosiy xatosi shundan iboratki, u boshqa jonivorlarga ham xos bo‘lgan his-tuyg‘ularni nazar-pisand qilmaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:01:36
Shoxonov. Siolkovskiyning: Insonning tabiat ishlariga aralashuvi oxir-oqibat kulfat keltiradi, Yer sayyorasi tezlik bilan keksayib boryapti» degan so‘zlarida teran haqiqat bor. Yaqinda xorijiy bir matbuotda qiziq voqea to‘g‘risida o‘qib qoldim. Shundan beri ko‘p narsalarni o‘ylab yuribman. Frenk Charney ismli yigirma olti yashar bir yigit baliqlarni yaxshi ko‘rar ekan. U daryodan bitta laqqa baliq tutib, uyidagi akvariumga qo‘yib yuboradi. Vaqt o‘tadi, laqqa katta bo‘ladi va bir yildan so‘ng akvariumga sig‘may qoladi. Baliq suvga yuzib yurishni unutadi, hatto orqasiga ag‘darilib olishni ham bilmaydi. Xo‘jayin baliqni yaxshi parvarish qiladi, ba’zan birgalashib televizor ko‘radilar.
Hamma ishni Frenkning ma’shuqasi buzib qo‘yadi. Ular arazlashib qoladilar. Qiz o‘ch olish maqsadida laqqa baliq nomidan hayvonlarning haq-huquqlari uchun kurashadigan mashhur huquqshunos Edvig Krenkga shikoyat qiladi. Tekshiruv natijasida Frenkni laqqa baliqqa munosib sharoit yaratib bermagani uchun aybdor deb topadilar va besh soatlik qamoq jazosiga hukm etadilar. Katta miqdorda jarima ham to‘laydi.
Hayvonlarning haq-huquqini himoya qiladigan huquqshunos Frenkka:
— Bu qadar shafqatsiz odamni birinchi marta ko‘rib turibman. Agar o‘zingizni ham po‘stinga o‘rab, bemalol harakat qilmaydigan ahvolga solib qo‘yishsa, xo‘sh, nima bo‘lardi?  Baliqlar hech narsani sezmaydi deb kim aytdi? Biz ularni baxtsiz qilib qo‘yishga haqli emasmiz. Aslida, siz bundan ham ogir jazoga mahkum etilishingiz kerak edi! — deydi.

Aytmatov. Oltoylik bitta tanishim qiziq voqeani so‘zlab bergandi: «Tog‘ etaklarida xo‘jag‘at (malina), olma, nok, maymunjon pishgan zahoti u yoqqa shahar aholisi yopirilib boradi. Meva-chevalarni bamaylixotir terib, tinchgina qaytib ketsalar go‘rgaydi. Yo‘q, odamlar shox-shabbalarni sindiradilar, ko‘chatlarni majruh qiladilar, tun bo‘yi gulxan yoqib o‘tiradilar, araq ichadilar; bo‘kirib ashula aytishadi — yaqin atrofda yashaydigan hayvonlarni hurkitishadi. Oziq-ovqatdan, oromidan ajralgan ayiqlar tog‘dan tushib, mast-alast odamlar ustiga tashlanib qoladi. Odamlar zo‘rg‘a qochib qutiladilar. So‘ng xuddi odamlarga qasdda-qasd qilgandek ayiqlar ko‘chalarni ostin-ustin qilib, mashinalarni ag‘darib ketadilar».

O’sha voqeadan keyin shaharliklar haddidan oshib ketganini sezadilar va tabiatni oyoq osti qilmay qo‘yadilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:04:03
Shoxonov. Chet ellarda noo‘rin sindirilgan shox-shabba ham, laqqa baliqni kichkina akvariumda boqish ham jinoyat sifatida baholanadi. Biroq, bizning o‘lkalarda ko‘plab hayvonlar tag-tugi bilan qirib tashlandi.
Chike, «oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q», deb bekorga aytishmaydi. Bir paytlar o‘zingiz aytgan edingizki, ba’zi xalqlar eng aziz mehmonlarga sayg‘oq go‘shtidan taom pishirib berar ekan. 1988 yili To‘rg‘ay viloyatida bir million boshdan ortiq sayg‘oq qirib yuborildi. Ehtimol, ular Semipalatinskdagi sinov maydonida o‘tkazilgan yadroviy sinovlar yoki Orol dengizi yaqinidagi «Vozrojdenie» degan joyda o‘tkazilgan biologik qurol sinovlari natijasida qirilib bitgandir?! Shunga qaramasdan, dahshatli fojia uchun javob beradigan birorta ham mas’ul xodim topilmadi. Qanchalik shov-shuv ko‘tarmaylik, qaerlarga murojaat qilmaylik — hammasi bekor ketdi. Masalan, shaxsan o‘zim «Orol — Osiyo — Qozog‘iston» xalqaro qo‘mitasining prezidenti va SSSR xalq deputati sifatida Prezident Gorbachyov, SSSR Mudofaa vaziri Yazov, SSSR Sog‘liqni saqlash vaziri Chazovlar bilan uchrashganman va har biriga milliy fojia sabablarini tekshirib ko‘rish haqidagi talab yozilgan maxsus maktub topshirganman.

Murojaatnomaga javoban, sayg‘oqlarga qandaydir yuqumli kasal tekkan ekan, deb yelka qisib qo‘yishdi, xolos. Mana shu yolg‘ondakam javob bilan kaminani ko‘chaga haydab chiqarishdi. Shundan so‘ng sobiq Ittifoq parchalanib ketdiyu boyagi masala hal etilmasdan qolib ketdi.
Aytmatov. Bizning zamonamizda xo‘jayoshlar makkor va hiylakor bo‘lib qolishdi. Shunday emasmi? Ularni jinoyat ustida qo‘lga tushirish oson emas.

Shoxonov. Bir marta televizorda Juma Jumaev degan odam bilan suhbatni namoyish qildilar. Bu kishini bolalik paytida bo‘rilar olib qochib ketgan ekanlar. U bo‘rilar orasda voyaga yetadi. Ovchilar tasodifan uni topib olgunlariga qadar Jumavoy ona bo‘rining qavatida bo‘rivachchalarga qo‘shilib yashayvergan, o‘zi ham yovvoyilashib ketgan. Yovvoyi bolani temir panjarali katakka qamashdan avval uning orqasidan arang quvib yetganlar.

— Odamlar meni katakka qamab qo‘yishgach, onam (ona bo‘ri) o‘z hayotini xavf ostida qoldirib, meni qutqarib olishga ko‘p urindi. U katakning temir panjaralarini tishlab tortar, atrofimda parvonaday aylanib yurar, yonimga kirmoqchi bo‘lar edi. Afsuski, ovchilar uni otib o‘ldirdilar. Bo‘rilar bilan yashab yurgan kezlarimda men ulardan hech qanday yomonlik ko‘rganim yo‘q. Ular nihoyatda adolatli bo‘ladilar. Lekin, odamlar o‘rtasida men mehrg‘oqibatni ko‘rmadim, - deydi Jumavoy.

Sizning «Qiyomat» romaningizda bo‘rilarga alohida o‘rin ajratilgan...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:06:38
Aytmatov. Akbara bilan Toshchaynar to‘g‘risida yozishdan avval bo‘rilarning tabiatini, yurish-turishini, hayotini o‘rgandim. Ko‘plab har xil kitoblarni o‘qib chiqdim. Umuman, bo‘rilarning hayoti qat’iy intizomga bo‘ysundirilgan. Qiziq hayot kechiradilar.

Masalan, agar qish nihoyatda qattiq kelib, ochlik sillani quritmasa, bo‘rilar o‘zlari yashaydigan deparadagi hayvonlarga hech qachon hujum qilmaydilar. Aksincha, ular bu deparaga begona bo‘rilarni yaqin yo‘latmaydilar; o‘z deparasini himoya qiladilar. Bo‘rilar gala-gala bo‘lishib, tun bo‘yi navbati bilan o‘z deparasini qo‘riqlab chiqadilar: har-har joyga najas tashlab, chegarani belgilab boradilar. Ayniqsa, bo‘ri bolalagan paytlari navbatchilik yanada kuchaytiriladi. Deparada begona bo‘ri paydo bo‘lgan zahoti uni quvlab yuboradilar. Chunki, agar begona bo‘ri birorta hayvonni mayib qilib qo‘ysa, cho‘pon o‘shaning jazosi uchun mahalliy bo‘rilarni yoki yosh bo‘rivachchalarni aybdor qilishi mumkin. Bo‘rilar mantiq bo‘yicha fikr yuritadilar.

Shoxonov. Bolaligimda eshitganim bir hikoya hali-hali esimdan chiqmaydi. Cho‘pon istiqomat qiladigan uydan uncha olis bo‘lmagan joyda bo‘ri bolalaydi. Cho‘pon o‘z ishlari bilan band bo‘lib, bo‘rining oilasiga halaqit bermaydi. Bo‘rilar ham o‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib, cho‘ponga hech qanday zarar-zahmat yetkazmaydilar. Juda uzoq vaqt qo‘shni sifatida tinch-totuv yashaydilar.

Ovul yigitlari bir necha marta bo‘rining bolalarini olib ketmoqchi bo‘ladilar, ammo cho‘pon ularga ruxsat bermaydi. Dunyoda bolasidan ayrilib qolgan bo‘ridan ham qahri qattiq yirtqich bo‘lmaydi. Ba’zan bo‘rilar otardagi barcha qo‘y-qo‘zilarni bir kechadayoq bo‘g‘izlab ketadi. Er-xotin bo‘rilar oilasi ham oqibatli qo‘shnisining otarini begona qondoshlaridan himoya qiladi; yot bo‘rilarni yaqin keltirmaydilar. Lekin, kutilmagan hodisa ro‘y beradi. Oftobshuvoqda inidan chiqqan bo‘ri bolalari o‘yinqaroqlik qilib tasodifan bitta qo‘zichoqni o‘ldirib qo‘yishadi. Buni cho‘pon ham ko‘radi. Ertasi kuni, qani endi bo‘rilar o‘zlarini qanday tutishar ekan, deb o‘ylaydi cho‘pon. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, otarida bo‘yniga arqon bog‘langan oppoq bitta qo‘zichoq yuribdi. Bu begona edi.

Ajabki, bo‘ri bolalarining kechagi qilmishidan uyalgan ota-ona o‘sha kechasiyoq birovning otariga kirib, u yoqdan bitta qo‘zichoqni o‘g‘irlab keladilar-da qo‘shni cho‘ponga «sovg‘a» qiladilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:07:58
Aytmatov. Hayvonlar hayotida ham qiziq voqealar ko‘p bo‘ladi. Afsuski, biz hayvonlarga faqat hayvon sifatida qaraymiz, xolos. Ularning ichki dunyosini tushunishga harakat qilmaymiz.

Shoxonov. Biz tabiatga zo‘rovon nigohi bilan qarashga o‘rganib qolganmiz. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi 90 yil mobaynida Olmaota tevaragidagi ko‘klamzorlar 57 foiz kamayib ketgan. Yetti-sakkiz yashar bitta daraxt bir kunda ikki kishi nafas olishga yetadigan darajada kislorod ishlab chiqaradi. Demak, tabiatni qiyratib, biz o‘zimiz o‘tirgan shoxni kesamiz, xolos. Shu tarzda umrimizga zomin bo‘lamiz.

Suv, havo, tuproq bebaho boyligimiz ekanini ko‘pincha esimizdan chiqarib qo‘yamiz. Ular o‘rtasidagi biologik aloqalar izdan chiqsa, hayot yomonlashadi. Suvda yashaydigan bir hujayrali maxluqdan to bahaybat kitga qadar, quruqlikda o‘sadigan qamishdan to qalin o‘rmongacha — hamma-hammasidan odamzot bahramand bo‘ladi. Biroq, tabiatning asil holati buzilsa, ikki oyoqli, to‘rt oyoqli maxluqlarning jismoniy va ruhiy holatlari ham o‘zgarib ketishi mumkin.

Aytmatov. Bir paytlar vaqtli matbuot sahifalarida ko‘tarilgan shov-shuvlar haligacha yodimdan chiqmaydi. O’shandan beri oradan ko‘p yillar o‘tib ketdi.

Krasnoyarsk viloyatining qishloqlaridan birida yashaydigan ayol yozda o‘rmondan qo‘ziqorin terib keladi va tuzlab, shisha idishlarga solib, qishga asrab qo‘yadi. Erta bahorda qo‘ziqorin hidini sezib qoladiyu yerto‘laga tushadi: o‘-o‘, dahshat! Ayolning ro‘parasida shishib ketgan bir maxluq turardi. Maxluq ayolning oyoqlariga mahkam yopishib oladi. Ayol bechora jon holatda qichqirib yuboradi. Bor kuchini yig‘ib, vahshatli «qopqon»dan oyoqlarini qutqarib olgach, qarasa, qo‘l barmoqlarida go‘shtdan nom-nishon qolmagan, oppoq suyaklari shalvirab turardi.

Ilgari noma’lum bo‘lgan maxluqni olimlar tekshirib ko‘rishadi va bu qo‘ziqoringa radioaktiv nur ta’sirida paydo bo‘lgan «mutant» degan qarorga keladilar. Hozir temir va betonni ham yeb tashlaydigan, to‘ydim degan gapni bilmaydigan o‘sha mutantlarni yo‘qotish juda katta muammoga aylanib ketdi. Ular borgan sari ko‘paymoqda.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:08:43
XX asrning boshqa bir dahshatli maxluqi Bermud uchburchagi qa’rida paydo bo‘ldi. Dengiz va okeanlarda tinchgina yashaydigan qirq oyoqli qisqichbaqalar (bor yo‘g‘i qirq santimetr) atrofga ajal urugini sochadigan dahshatga aylanishi uchun qanday kuch kerak? Bu ne jumboq bo‘ldi? Yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, aynan Bermud uchburchagi hududida bortida yadroviy quroli bo‘lgan sovetlarning suvosti kemasi halokatga uchraganini eslash mumkin. Natijada halokat ro‘y bergan joydagi suvga ko‘p miqdorda zararli radioaktiv moddalar tarqaladi. O’shalarning ta’sirida qisqichbaqalar to‘xtovsiz ravishda kattalashib bordilar va uzunligi oltmish metrga yetadigan vahshatli mutantlarga aylandilar.

Hozirgi kunlarda o‘sha dahshatli maxluqlar yirik baliqlar, hatto delfinlar bilan qanoatlanib qolmasdan, balki yo‘lida uchrab qoladigan qayiqlarga, kichikroq kemalarga ham hujum qiladilar. Beso‘naqay tanadan o‘sib chiqqan shilimshiq qisqichlar qurbonlikka chippa yopishadiyu zahrini sochadi. Qisqa vaqt ichida mutantlar yigirmadan ortiq dengizchining bemavrid o‘limiga sababchi bo‘ldi. Shu kunlarda ham qurbonlar soni ortib borayotir. Ular ikki yuz nafarga yetib qoldi.

Shunday qilib, kuchli yelvizak shishirib yuborgan ko‘rimsizgina qo‘ziqorin va radioaktiv moddalar ta’sirida himoyasiz qolgan qisqichbaqalar insoniyat uchun nihoyatda xavfli bo‘lgan halokatga aylandilar. Agar hayvonot olamining arslon, fil, timsoh, kit, akula kabi yirik vakillari radioaktiv ta’sirida mutantlarga aylanib qolsalar nima bo‘ladi? Ular insoniyat boshiga keltiradigan musibatlar qamrovini tasavvur etish mumkinmi?

Nazarimda, har bir ziyoli odam bir paytlar Siolkovskiy aytgan so‘zlarni aslo esidan chiqarmasligi kerak: Inson tabiat ustidan zo‘rovonlik qildi, endi tabiat bizning ustimizdan zo‘rovonlik qilishini kutmoqdan boshqa ilojimiz yo‘q».
Olimlarning taxmin qilishlaricha, Yer sayyorasida bizdan oldin ham to‘rt marta takroran hayot kechgan ekan. Bunday taxmin ham boyagi so‘zlarni tasdiqlaydi. Ishqilib, o‘zi asrasin!

Agar o‘sha taxminlarga ishonadigan bo‘lsak, Yer yuzasidagi hayot, dastlab, misli ko‘rilmagan zilzila oqibatida yo‘q bo‘lib ketadi. So‘ng, qonli urush natijasida hayot tugaydi. So‘ngra, dahshatli kuchga ega bo‘lgan qurol tufayli hayot tamom bo‘ladi. Nihoyat, dunyoni suv bosgach hayot to‘xtaydi. Jamiki kulfatlarning asl sababchisi — inson ma’naviyati qashshoqlashadi, ochko‘zlik, xudosizlik oxir oqibat tiriklikni adoyi tamom qiladi. Inson tabiatga qarshi bosh ko‘taradi! Hamma balo mana shunda!  Biz Yerdagi beshinchi hayot quchog‘ida yashayapmiz. Hozir asosiy muammo shundan iboratki, xo‘sh, biz Yer sayyorasini muqarrar halokatdan asray olamizmi-yo‘qmi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:10:03
Karomat qilishlaricha, agar kelajakda insonlar tabiatga munosabatini tubdan o‘zgartirmasa, odamlarning bir-biriga munosabatlari ham tubdan o‘zgarmasa, shak-shubhasiz, insoniyat misli ko‘rilmagan vulqon olovi ichra kuyib ketadi. Unda har kim faqat xudodan mehr-shafqat so‘raydi. Yana aytadilarki, musibat boshlanishidan oldin oyoq ostidagi yer yorilib ketadi.

Aytadilarki, Xudo: «Men xamma narsani odamga berdim, faqat istakni O’zimda qoldirdim» degan ekan. To‘g‘ri. Hamma gap bizning istak va intilishimizda qolgan. Ma’naviyatga erishmay turib biz hech qachon farovonlikni qo‘lga kirita olmaymiz. Aytadilarki, taraqqiyot — tabiatning dushmani. Bu xato fikr. Asosiy aybdor — insonning o‘zi. O’z qo‘li bilan yaratgan taraqqiyot noz-ne’matlaridan oqilona foydalanishni bilmagan inson aybdor. Boshqa gaplarni bir chetga qo‘ya turaylik, qani, aytgin, qaysi birimiz bahorda bir tup ko‘chat ekishga yaraymiz? Afsuski, ko‘pchilik ko‘chat ekmaydi. Nazarimda, bizning mehrsizligimizni ko‘rsatadigan bundan ortiq misol bo‘lmasa kerak.

Shoxonov. Agar har birimiz o‘z farzandimiz yoki sevgan kishimiz uchun bir tupdan ko‘chat ekkanimizda bormi, olam allaqachon bo‘stonga aylanib ketardi. Afsuski, biz boshqacha tarbiya ko‘ryapmiz.

Bir yili Bishkekda shahar miqyosida shanbalik o‘tkazildi. Shanbalik payti xorijiy mamlakatlarning elchilari Metin Ko‘kar (Turkiya), Ram Svarup Mukija (Hindiston), Yao Pey-Shen (Xitoy), Alen Maloy (AQSh), Mixail Romanov (Rossiya), Nazar Abbos (Pokiston), Murtazo Tavassoliy (Eron), Aleksandr Tumor (Belorus) hamda shahar meri Boris Silaev va kamina uncha katta bo‘lmagan shinam maydonga bir tupdan ko‘chat ekdik. Shubhasizki, kelajakda bu ko‘chatlar ulg‘ayib, shu yerda yashagan, ishlagan odamlardan yodgorlik bo‘lib qoladi. O’sha shanbalik chog‘i men qizim Oychurek sharafiga ham bir tup ko‘chat ekdim.

Albatta, bir-ikki tup ko‘chat ekib ona Yer oldidagi qarzni uzib bo‘lmaydi. Biroq, kichik xayrli ishlar to‘planib yirik savobga aylanadi.
Yer atmosferasi har xil zaharli gazlar, chang-to‘zonlar, radiatsiya bilan ifloslandi. Sayyoramiz xavf ostida qoldi. Dunyodagi million nafardan ortiq aholi yashaydigan ko‘plab yirik shaharlarning havosi nihoyatda kirlanib ketgani bois xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘sha joylarda sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarning yashashi mumkin emas, degan qarorga keldi. O’sha shaharlar ro‘yxatida Olmaota ham bor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:12:59
Aytmatov. Esimda, o‘n uch million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan Tokio shahri bundan o‘n yilcha muqaddam havo haddan tashqari ifloslanib ketgani tufayli jiddiy muammolarga duchor bo‘lgandi. Ustma-ust qurib tashlangan uylar, muassasalar, korxonalar, son-sanoqsiz zavod-fabrikalar, avtomobillaru avtobuslardan chiqayotgan tutunlar buyuk madaniyatning va eng yangi texnologiyaning markazi bo‘lgan shaharni halokat yoqasiga eltib qo‘yadi. Hatto vaziyat shu darajaga borib yetdiki, shaharliklar zaharli tutundan saqlanish uchun ichiga toza havo qamalgan g‘ilofni yuzlariga tutib yuradigan bo‘ddilar.
Mehnatkash yaponlar bu muammoni qanday qilib hal etganlarini bilasanmi?

Dastlab, ular Tokio shahri meri lavozimiga konkurs e’lon qildilar. Kimki shahar havosini qisqa fursatda tozalashga mo‘ljallangan eng yaxshi loyihani taklif etsa, o‘sha kishi mer bo‘ladi. Minglab da’vogarlar orasidan bu muammoni ilmiy asoslangan loyiha asosida hal etishni taklif qilgan zot mer etib saylanadi. O’sha kishi shahar hokimiyatini boshqaradi. Saylov arafasida bergan va’dasiga ko‘ra, olti oy ichida Tokio dunyodagi eng pokiza shaharlardan biriga aylandi. O’ylaymanki, jiddiy raqobat asosida saylangan bunday irodali inson dunyodagi har qanday taraqqiyotning markaziga uzuk ko‘zidek yarashadi.

Shoxonov. Keyingi paytlarda olimlarimiz Yerning ozon qatlami yupqalashib borayotgani to‘g‘risida tez-tez bong urishyapti. Sanoat korxonalari havoga purkayotgan zaharli chiqitlar, xususan, qurumlarning haddan tashqari ko‘payib ketgani uchun shunday bo‘lyapti. Tabiat muvozanatini saqlab turadigan ikki unsur o‘rtasidagi munosabat buzilsa, Yer yuzida yashaydigan har qanday mavjudotning biologik holati puturdan ketadi. Jonli va jonsiz tabiat halokat yoqasiga borib qoladi.
Aleksandr Belyaevning «Havofurush» nomli xayoliy romani esingizda bo‘lsa kerak. Unda Yer sayyorasida toza havo yetishmay qolgani va bitta ustamon tadbirkor mana shu asosda savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yib yuborgani to‘g‘risida hikoya qilinadi. Qappaygan hamyoni bo‘lgan boylar noyob mahsulotdan mo‘l-mo‘l xarid qilib, qora kunlar g‘amini ham yeb qo‘yadilar; mablag‘i bo‘lmagan kambag‘al bechoralar esa bir yutum havo izlab, emaklab yuradilar — har bir tup daraxtni hidlab-hidlab jon saqlaydilar.

Yozuvchining xayolida yaratilgan o‘sha afsonaviy voqealar, ishqilib, kelajakda achchiq haqiqatga aylanib ketmasa bas!
Yer yuzi XX asrda texnik taraqqiyot uchun kurash maydoniga aylanib qolmadimi? Boz ustiga, o‘rta asrlarda ro‘y bergan va yuz minglab odamlarning yostig‘ini quritgan dahshatli zilzilalar, halokatli suv toshqinlari nisbatan bir necha barobar ortib qetdi. Ehtimol, tabiat o‘ziga nisbatan shafqatsizlik qilayotgan yebto‘ymas, beg‘am odamlardan shu yo‘sin o‘ch olayotgandir?!

Har kecha-kunduz neft, gaz, ko‘mir kabi foydali qazilma boyliklar misli ko‘rilmagan darajada yer qa’ridan so‘rib olinayotir. Natijada yer po‘choqqa o‘xshab qolyapti. Umuman, tabiatda ortiqcha narsaning o‘zi yo‘q ekanini e’tirof etganimiz holda beadablik bilan tabiat muvozanatini buzyapmiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:13:57
Oddiy misol. Yer qa’ridan neft yoki gaz zahirasi tortib olingach, foydali qazilmalarning o‘rni bo‘shab qoladi. Faqat keyingi yillardagina o‘sha bo‘shliqni suv bilan to‘ldirib qo‘yish texnologiyasi ishlab chiqildi. Ma’lum bo‘ldiki, o‘sha bo‘shliq faqat zilzila bo‘lishi uchun imkoniyat yaratib qolmasdan, balki atrofdagi jonli tabiatga ham zararli ta’sir ko‘rsatar ekan.
Albatta, yuqoridagi fikr-mulohazalardan foydali qazilmalarga tegmaslik kerak degan ma’no kelib chiqmaydi. Hamma gap shundaki, qazilma boyliklar endi yangi vositalar asosida olinishi lozim. Tokim, keyin tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘yganimiz uchun istig‘for aytib o‘tirmaylik. Keyingi pushaymon esa o‘zimizga dushman bo‘ladi.

Aytmatov. Bir necha yil muqaddam, kech kuz chog‘ida Qozog‘iston va Qirg‘izistondan issiq o‘lkalarga uchib ketayotgan oqqushlar, o‘rdaklar, g‘ozlar galasi yo‘ldan adashib qahraton kelgan Yoqutistonga borib qoladilar va hammasi qirilib bitadi.

Mutaxassislarning e’tirof etishicha, masalan, Issiqko‘l sohilida tuxumdan chiqqan palopon keyinchalik har bahor, to umrining oxirigacha o‘zi dunyoga kelgan joyni bexato topib kelar ekan. Barcha ko‘chmanchi qushlar qish arafasida Afrikaga, Hindistonga, arab mamlakatlariga yoki Seylonga uchib ketsalar, bahorda yana xuddi o‘sha izdan havo oqimidan chetga chiqmagan holda qaytib keladilar.

Yoqutiston sovug‘ida halok bo‘lgan baxtsiz qushlar nima uchun yo‘ldan adashadi? Faraz qilinishicha, havoda haddan ziyod darajada radiatsiya bo‘lgani tufayli qanotli do‘stlarimizni sezgi qobiliyati susayib ketadi va qayoqqa ketayotganlarini bilmay qoladilar. Xo‘sh, havodagi qushlarniyu Yerdagi hayvonlarni mayib-majruh qilayotgan radiatsiyadan sayyorada yuradigan ikki oyoqli aholi omon qolishi mumkinmi?

Shoxonov. «Kassandra tamg‘asi» romaningizda biror-bir mantiqqa amal qilmagan kitlar noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zlarini qirg‘oqqa urib, muqarrar halokatga giriftor bo‘lganini bir necha o‘rinlarda ataylab takrorlagansiz. Sayyoramizdagi eng ulkan maxluqlar o‘zlarini o‘zlari o‘ldiradilar. Buning muayyan sir-asrori bor. Biroq, zukko kitobxon anglaydiki, insoniyat kelajagi xavf ostida turibdi, bir-birlariga nisbatan yovuzlikni sog‘inayotgan odamlarga e’tiroz bildirilmoqda.

Esimda, Siz yozgan edingizki, Yerda biologik aloqalar arzimas darajada buzilsa ham — bas, Inson — Quyosh — Koinot o‘rtasidagi yaxlitlik puturdan ketadi. Qiyomat kuni kelishi uchun atom bombalarni portlatib yuborish yoki dunyoni suv bosishi aslo shart emas. Qushlar galasi yo‘ldan adashsa, kitlar ommaviy ravishda o‘zlarini o‘zlari o‘ldirsa, axir, qiyomatning bundan ortiq nishonasi bo‘ladimi?!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:15:18
Aytmatov. Tabiatda ortiqcha narsaning o‘zi yuq. Odatda, biz Yerdagi eng aqli raso mavjudot deb hisoblaydigan insondan (bu masala xiyla munozarali) toki tuban darajada rivojlangan qurt-qumursqalargacha — hamma-hammasi jonli tabiatning teng huquqli a’zolaridir. Ularning birligi va o‘zaro aloqalari buyuk biologik tizimni vujudga keltiradi. Bu tizimning birorta murvati ishdan chiqsa, bexato faoliyat ko‘rsatadigan tizimning butun bir qatori buzilib ketadi. Masalan, dengiz sohilida joylashgan bitta shaharda, baliqchi qushlar haddan tashqari mechkay bo‘lib qolishdi — ular baliqni ko‘p iste’mol qilishyapti, shu bois qushlarni qirib tashlash kerak, degan to‘xtamga keladilar. Qushlarni qirib tashlaydilar. Biroq, oradan bir oz fursat o‘tgach, qandaydir yuqumli kasallik tarqaladi. Ma’lum bo‘lishicha, qushlar asosan kasalmand, madori qurigan baliqlarni tutib yer ekanlar va shu yo‘sinda suv havzasini tabiiy ravishda dezinfektsiya qilib turarkanlar. Demak, baliqchi qushlar amalda sanitar vazifasini bajaradilar.

Shoxonov. Xitoyda madaniy inqilob davrida chivinlarni, pashshalarni, sichqonlarni, chumchuqlarni batamom qirib yuborish to‘g‘risida maxsus qaror qabul qilinadi. Xitoy Xalq Respublikasining Qirg‘izistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Yao Pey-Shen o‘sha masala xususida kaminaga qiziq bir voqeani gapirib berdi.
— 1958 yilning yanvar oyida xitoy xalqiga juda katta miqdorda moddiy zarar yetkazayotgan va aholi salomatligiga ham misli ko‘rilmagan darajada ziyon keltirayotgan to‘rt xil zararkunandalarga qarshi davlat qarori e’lon qilindi, — deydi elchi janoblari. — Xalqning kattadan-kichigi bu hujjatni yorqin kelajak sari tashlangan ulkan qadam sifatida kutib olishi kerak edi. Bahorga borib bu harakat ommaviy tus olib ketdi; yirik tadbirlar o‘tkazildi. U paytlari men Shanxay yaqinidagi Lyuyxe shaharchasida maktabda o‘qirdim. Davlat tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etardim. Har kuni sinfxonadagi darslar har bir o‘quvchi nechta sichqon ushlaganini, nechta chivin va pashsha o‘ldirganini hisob-kitob qilishdan boshlanardi. Maqtanishni yaxshi ko‘radigan ayrim o‘quvchilar har kuni maktabga bo‘xchaga tugilgan o‘lik sichqonlarni, ipga tizilgan chivin, pashsha o‘liklarini ko‘tarib kelishardi. Millat «dushmanlari»ni kim ko‘proq o‘ldirgan bo‘lsa, o‘sha namunali o‘quvchi hisoblanardi. U davlat ahamiyatiga molik muhim vazifani sidqidildan ado etgan bo‘ladi. Keyin chumchuqlarga navbat yetadi. Tong otar-otmas o‘rnimizdan turib, darang-durung shovqin chiqaradigan paqir, jom, do‘mbira kabi anjomlarni, tayoqlarni ko‘tarib maktab oldida to‘planardik. So‘ng o‘qituvchilarimiz posbonlikka taqsimlardi: birov tomga chiqadi, birov daraxtga tirmashadi, boshqalar hovlilarga tarqatiladi, chorrahalarda, ko‘chalarda poylab turardik. Shaharlik boshqa kishilar ham o‘zlariga tayinlangan joylardan jilmasdilar. Hamma tayyor bo‘lgach, shaharda shovqin-suron, baqir-chaqir boshlanib ketardi. Go‘yo birdan hammani jazavasi tutib qolgandek tuyulardi. Yovvoyi baqir-chaqirdan talvasaga tushib qolgan chumchuqlar galalashib osmonga ko‘tarilardiyu parvozdan charchashgach, bexavotir dashtu dalalarga uchib ketishardi. Biz bo‘lsak, chumchuqlar charchagach, tap-tap etib oyoqlarimiz ostiga qulab tushaveradi deb go‘llarcha ishonardik. Charchash nimaligini bilmaydigan o‘jar kishilar to holdan toyib yiqilib qolganlariga qadar qushlarning orqasidan quvlab borishardi... Pekin, Shanxay kabi yirik shaharlarning aholisi ham, o‘quvchilari ham bizdan ko‘ra baxtliroq edi: ular ko‘chalarda to‘dalashgancha chumchuqlarni quvlab yurishardi, xolos. O’sha paytda istisnosiz ravishda barcha vaqtli matbuot bunday harakatlarni qahramonlik deb baholardi va o‘z sahifalarida batafsil yoritib borardi. O’ylamay-netmay amalga oshirilayotgan kulgili hodisaning oxiri voy bo‘lishini kim bilibdi deysiz! Mamlakatda mayda chivinlar xavfli darajada ko‘payib ketadi. Ma’lum bo‘lishicha, ilgari chumchuqlar aholini o‘shanday chivinlardan muhofaza etib turar ekan. Ustiga ustak, chumchuqlar bartaraf etilgandan keyin g‘alla mahsulotlarining hosildorligi aslo ko‘tarilmadi.

Tabiat odamlarga mana shunday qilib yana bir bora saboq beradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:16:23
Aytmatov. Shart-sharoitlar to‘g‘ri kelib qolsa, ko‘pincha bir kishining xudbinligi davlat miqyosidagi xudbinlikka aylanib ketadi. Shuning oqibatida biz tabiatning qanchadan-qancha noyob ne’matlaridan mahrum bo‘lib qolamiz.

Lekin, so‘nggi pushaymonning kimga keragi bor? Qiziq afsonani gapirib beraman. O’zga sayyoradan kelgan yerga qo‘ngan bir kimsadan: «Yer tepadan qanaqa ko‘rinadi?» deb so‘rashibdi. «Yer billur saroyga, odamlar esa uning ichida yurgan beg‘am buqalarga o‘xshaydilar», deb javob beribdi.
Bu topib aytilgan gap. Shunday emasmi?

Biz bolalar bog‘chasidan, maktabdan boshlab ekologik ta’lim-tarbiyaga alohida e’tibor bermog‘imiz kerak. Bolalar yoshlik chog‘idanoq tabiatga nisbatan bemehrlik, yengiltaklik qilinsa, bu og‘ir oqibatlarga olib borishini bilmoqlari zarur.

Aytadilarki, kurrai zaminni mo‘l-ko‘l issiqlik bilan ta’minlab turgan Quyosh ham vaqti-soati yetgach, so‘nadi. Demak, Quyosh ham keksayib boradi. Odamlar to‘g‘risida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Hatto Yerning umrining ham chek-chegarasi bor. shundoq xam Yer o‘z umrida boshidan ko‘p narsalarni kechirli. Uni faqat inson o‘zining mehr-muhabbati va mehr-shafqati bilan qutqarib qolishi, unga yordam berishi mumkin. Shunday bo‘lsagina hamma muqarrar halokatdan omon qoladi.
Boya aytib o‘tganimdek, hozir davlat miqyosidagi xudbinlik juda chuqur ildiz otib ketdi. Bunday xudbin-lik: «O’z yerimda o‘zim xo‘jayinman, xohlagan ishimni qilaman: xohlasam — daryo va ko‘llarni quritaman, xohlasam — yam-yashil dalalarni qaqroq dashti biyobonga aylantirib yuboraman, xohlasam — chakalakzor o‘rmonlarni kesib olaman, hatto kulini ko‘kka sovurishim mumkin. Hech kim menga buyruq bera olmaydi!» degan xom xayol bilan yashaydi. Ana shunday bema’ni siyosat tufayli atrof muhit beqiyos zarar ko‘rdi. Halokat davom etayotir. Agar bir joyda ko‘l qurib qolsa, boshqa joylardagi ob-havoga ham shubhasiz ta’sir ko‘rsatadi. Buni hargiz yoddan chiqarmaslik kerak.

Shuning uchun tabiatni asrash borasida umumjahon ahamiyatiga ega bo‘lgan bosh dasturulamal ishlab chiqilishi lozim. Hozir butun insoniyat oldida turgan asosiy vazifa ana shundan iborat.

Aks holda, bizning billur saroyimiz qulab tushadi. Butun insoniyat esa bema’niligi, shafqatsizligi, manmanligi uchun o‘zini o‘zi qarg‘ab o‘tirgan Xo‘jayoshga o‘xshab qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:17:58
KO’ZADAN CHIQQAN BOSHCHANOQ
YOKI
TURKIYLARNING TARIXIGA BIR NAZAR

Yaxshimi-yomonmi, har bir xalqning o‘z tarixi, o‘tmishi bor. Shu bois insoniyatdan yomon tomonlarini yashirib, faqat yaxshi tomonlarini ko‘z-ko‘zlab, o‘z tarixini har xil bezak-bo‘yoqlar bilan jimjimador qilib, uni bir-biriga mos kelmaydigan matahlar bilan yamab-yasqab o‘tirish kechirib bo‘lmaydigan holdir. Axir, har bir yangi avlod o‘z hayotini boshqa mamlakatlarda ro‘y bergan ko‘tarilish, taraqqiyot bilan taqqoslab ko‘radi va tanazzul sabablarini qidiradi. Agar tanazzul sabablarini to‘g‘ri topsa, endi o‘sha xatolarni takrorlamaslikka intiladi, to‘g‘ri yo‘lga tushib olishga harakat hiladi.

Chingiz Aytmatov

Shoirga ne sirni aytar qora tosh,
o‘tgan kunlar yodi — qumlarga sirdosh.
Qum ostidan ko‘rar bobolar ko‘zi —
Sening har qadaming, aytgan har so‘zing.


Muxtor Shoxonov
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:19:25
Shoxonov. O’z tarixingni bilmasang, ildizi yo‘k daraxtga o‘xshaysan. Quruqlik paydo bo‘lib, suvlar oqib boshlagan davrlardan beri dunyo yuzini ko‘rgan xoh ulug‘, xoh mo‘‘jaz xalq bo‘lsin, baribir, har birining asrlar qa’ridan unib chiqqan o‘ziga xos qadimiy tarixi bo‘ladi. Bu tarix qog‘ozda qayd etilganmi yoki Vaqt deb atalmish ilohiy hakamning oyoqlari ostida xuddi qumga to‘kilgan tomchi kabi toptalib yo‘q bo‘lib ketganmi, bundan qat’i nazar, uning buyuk sir-asrori, mohiyati saqlanib qoladi. G’arb mamlakatlarining tarixi juda yaxshi yozilgan, lekin hozir gap ular to‘g‘risida emas. Ko‘p asrlik qadimiy tarixi goh teriga, goh qog‘ozga qayd etilgan bizga qo‘shni bo‘lgan Xitoy yoki Yaponiyaning solnomalarini o‘qiyotib beixtiyor qalbingni buyuk armon o‘rtay boshlaydi. Nega bizning tariximiz yozib qoldirilmagan?! Bunday paytlari o‘zgalar tarixiga ham havas bilan, ham hasad bilan qaraysan.

Aytmatov. Biz tarix to‘g‘risida suhbat boshlagan bo‘lsak-da, ammo ikkovimiz ham malakali tarixchi emasmiz: arxivlardan hujjatli dalil-dastaklar qidirmaganmiz, qadimiy shajaralaru solnomalarning changini yutganimiz yo‘q. Shuning uchun bu masalada biz tushunadigan hamma narsani oddiy, o‘rtamiyona o‘quvchi ham tushunadi. Shunday bo‘lsa-da har bir inson jamiyatning tarixiy taqdirini, o‘zi tug‘ilgan, yashayotgan yurtning taraqqiyot yo‘llarini, xalqning o‘tmishini va bugungi kunlarini o‘ylaydi. Nazarimda, yozuvchi nigohi bilan tarixga bir qarab qo‘ysak zarar qilmaydi. Boz ustiga taraqqiy etgan mamlakatlarning ko‘pjildlik tarix darsliklari oldida bizning o‘quv qo‘llanmalarimiz ikki enlik ham emas.

Sir emaski, turkiy xalqlarning tarixi asosan SSSR davrida yozildi. O’sha davrda yaratilgan tarix kitoblarining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, o‘z yurtini o‘zga yurtlardan kelgan bosqinchilardan himoya qilgan botirlar, xonlar, adolatli va oqil hakam biylar, beklar, shuningdek, feodallarga, mustamlakachilarga qarshi qo‘zg‘olonlarga boshchilik qilgan xalq qahramonlari oddiy xalqning qonxo‘r va adolatsiz dushmanlari hisoblanardi. O’z xalqining o‘tmishini haqqoniy tadqiq etgan ko‘plab tarixchilar elliginchi yillargacha ayovsiz repressiyaga uchradilar, ta’qib ostiga olindilar, qamoqxonalarga tashlandilar, surgun qilindilar va ko‘plari halok bo‘ldilar. Biz o‘z tarixini bilmaydigan xalq nima bo‘lishini yaxshi bilamiz. Biz o‘zining ota-bobosini tanimasdan voyaga yetgan odamlar nima bo‘lishini yaxshi bilamiz. Bunday siyosatning mohiyati bizga kunday ravshan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:20:32
Shoxonov. O’sha yillari taniqli qozoq shoiri Toyir Jaroqovning bitta hazil gapi juda mashhur bo‘lib ketgandi. Agar gap tarixiy mavzuga borib taqalsa yoki xalq o‘tmishi bilan bog‘liq bo‘lgan qandaydir muammo ko‘tarilib qolsa, u darhol: «Men ahmoq emasman, Oktyabr inqilobidan oldingi tarixga burnimni tiqmayman», derdi. Qadimiy tarixni ro‘y-rost yoritgan vatandosh olimlar taqdiri nima bo‘lganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shoirning zaharli hazili ostida achchiq haqiqat bor.

Chike, kitobimizning boshqa bo‘limlarida o‘zimiz shaxsan boshimizdan kechirgan, guvoh bo‘lgan voqealar to‘g‘risida gaplashdik; ichki sirlarimizni o‘rtoqlashdik, ayrim muammolarga shaxsiy fikr-mulohazalarimizni bayon etdik. Tarix deb atalmish murakkab masala esa kishidan juda katta tayyorgarlikni, halollikni talab qiladi. Bu o‘rinda biz magnitofon tasmasiga yozilgan o‘z mushohadalarimizni, o‘y-fikrlarimizni osongina qog‘ozga ko‘chirib qo‘ya olmaymiz. Aytilgan gaplarni teran tahlil qilishga to‘g‘ri keladi. Bu ishda biz har xil kitoblardan, qo‘lyozma manbalardan, xorijiy mamlakatlarning arxivlarida yotgan manbalardan, shajaralardan, tarixiy yilnomalardan foydalanishimiz zarur. Muayyan bir tarixiy davr yoki voqea haqida gap ketsa, kundalik daftarimizdagi yozuvlar, qoralamalar tarixiy manbalarga taqqoslab ko‘rilishi lozim bo‘ladi. Tadqiqotchilar kabi chinakamiga ter to‘kish kerak. Kitobimizning ushbu bo‘limi ana shu jihatlari bilan xiyla murakkab.

Tarixiy  tadqiqot  bilan  mashg‘ul  bo‘lgan  ayrim olimlar qadimiy merosimizni tirnoqlab to‘playdilar-u, lekin me’yorni bilmaydilar: ular o‘zlariga ma’qul kelib qolgan ba’zi voqealar ahamiyatini osmon qadar ulug‘lab, o‘zlariga ma’qul kelmagan voqealarni yer bilan yakson etib yuboradilar. Afsuski, mana shunday yengil-elpi tarixiy asarlar ko‘payib ketdi. Boz ustiga, xuddi yomg‘irdan so‘ng bodroqday ko‘pirib chiqqan qo‘ziqorinlar kabi bir-birini qaytaradilar yoki bir-biridan o‘g‘irlangan ma’lumotlar, ya’ni ko‘chirmachilik hollari nihoyatda ommaviy tus oldi. Boshqa toifadagi olimlar bo‘lsa, xalq boshiga mislsiz musibat keltirgan va begunoh odamlarning qonini oqizgan tarixiy shaxslarni xalq himoyachilari va qahramonlar maqomiga ko‘tarmoqdalar. Masalan, Sibir xonligini yakson qilgan va G’arbiy Sibirni talon-taroj qilib, qonga botirgan Yermak va uning kallakesarlari nima uchun shu paytgacha buyuk jasorat ko‘rsatgan qahramonlar sifatida talqin etilayotir? Chingizxonning qonli yurishlari ham asossiz ravishda ko‘klarga ko‘tarilyapti: go‘yo hozir bizga do‘st bo‘lgan mo‘g‘il xalqini ranjitib qo‘ymaslik, ularning nomiga gard qo‘ndirmaslik uchun shunday qilinayotgan emish! Gap yo‘q, balki ular o‘z davrida o‘zlarining tushunchasi bo‘yicha xalq uchun, vatan uchun nimalardir qilgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, ularning xohish-irodasiga ko‘ra, ulug‘vor maqbaralar, saroylar, ibodatxonalar, machitlar barpo etilgandir. Biroq, ular gullab-yashnagan shaharlarni xonavayron qilganlar, son-sanoqsiz begunoh insonlarning yostig‘ini quritganlar-ku! Ularning bunday qilmishini oqlab bo‘ladimi? Boshqachasiga aytganda, agar biz o‘z xalqimizning tarixiga yangicha nazar tashlashni istasak, avvalo, haqqoniyat tarafdori bo‘lishimiz kerak. Voqealarni bir tomonlama tahlil etmasligimiz, tadqiqotlarimizda tarafkashlik qilmasligimiz lozim. Har bir hodisaga to‘g‘ri yondoshib, unga vatanparvar nuqtai nazaridan baho bermoq darkor. Albatta, zaruriy ilmiy tayyorgarlikka ham ega bo‘lmog‘imiz shart.

Agar biz haq yo‘ldan chekinsak, bobolarimiz xotirasi oldida gunoh qilgan bo‘lamiz. Kelajak avlod oldidagi gunohimiz ming barobar ortiqroq bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:21:58
Aytmatov. Men ham xuddi shunday fikrdaman. Endi biz turkiy xalqlar tarixi to‘g‘risida gaplashamiz. Umid qilamanki, boshqa mamlakatlarning va xalqlarning boshqa tillarda gaplashadigan farzandlari buning uchun bizdan hafa bo‘lmaydilar. Ishonamanki, ular ham biz kabi o‘ylaydilar. Afsuski, ko‘chmanchi bo‘lgan turkiy xalqlarning tarixi doimo qog‘ozga yoki boshqa manbalarga yozib qoldirilmasdi. Bor tariximiz ham o‘rta asrlarda bo‘lib o‘tgan dahshatli urushlarda ot tuyoqlari ostida qolib yanchildi, yong‘inlarda kuyib kul bo‘ldi, o‘chib ketdi, yo‘qoldi. Turkiylar bilan qo‘shni bo‘lgan ayrim xalqlarning yodgorliklarida, tadqiqotlarida va toshbitiklarda ba’zi bir ma’lumotlar saqlanib qolgan. Biroq, o‘sha ma’lumotlar ham uzuq-yuluq, davomiyligi buzilgan, ba’zan turkiy xalqlar hayoti noto‘g‘ri yoritilgan. Shuning uchun agar biz ma’lum darajada qandaydir davomiylikka, qonuniyatlarga amal qilgan holda qozoq va qirg‘iz xalqlarining tarixini solnomaga joylashga erisha olsak, har xil tillarda va har xil manbalarda, har xil asrlarda va har xil hodisalar munosabati bilan qayd etilgan ma’lumotlarni bir ipga tizib bera olsak o‘quvchilarga juda katta xizmat ko‘rsatgan bo‘lamiz. O’ylaymanki, bu ishga bel bog‘laganimiz uchun bizni boshqa mamlakatlarda yashaydigan do‘stlarimiz, hamkasblarimiz «faqat o‘zlarining ichki ishlari bilan shug‘ullanishyapti» deb, o‘zgalarning tarixiy merosiga e’tibor berishmayapti deb koyishmasa kerak.

Axir, biz ayirmachilik qilmoqchi emasmiz, aksincha, yo‘qotganlarimizni to‘plamoqchimiz, vaqt o‘tishi bilan noaniq bo‘lib qolgan narsalarni aniqlashtirmoqchimiz, xotirada xiralashib qolgan narsalarni tiklamokchimiz. Ota o‘z farzandlarining sa’y-harakatlari uchun javobgar bo‘lgani kabi har bir xalq ham o‘z tarixining oldida javobgardir», degan edi buyuk bobomiz Abu Nosir al-Forobiy.

Qadimshunos olimlarning, insoniyat Afrikadan Yer yuzasiga tarqalgan, degan e’tirofi qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmayman. Bu haqda hukm chiqarmoqchi emasman. Lekin bilamizki, Yer yuzidagi besh milliard nafardan ortiq aholi yuzlab millat va elatlarga bo‘linadilar. Juda uzoq davom etgan insoniyat evolyutsiyasi uchta yirik bosqichga taqsimlanadi: qadimiy tarix, o‘rta asrlar tarixi, yangi tarix (keyingi asrlar tarixi). Mana shu nisbiy taqsimot muqaddimasida insoniyat avlodining ikki million yildan ko‘proq davom etgan murakkab tarixi bor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:23:00
Qadimgi davrlarda yashagan bobolarimizning hayoti tabiat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan: ular tabiat bilan barobar rivojlanadilar, birga yashaydilar, bir-biriga tobe bo‘ladilar. Dunyoni to‘fon bosgunchami yoki to‘fondan keyinmi, yer yuzasini buyuk muzlik qoplagandami yoki navbatdagi muzlik davridami, balki undan sal keyinroqmi, ishqilib, insoniyat to‘rt irqqa bo‘linadi: oq tanlilar, qora tanlilar, sariq tanlilar, qizil tanlilar. Irqiy bo‘linishning o‘zi juda katta jumboq bo‘lsa, insonning paydo bo‘lishi ham oxirigacha yechilmagan jumboq bo‘lib turibdi.
Yer yuzasidagi insoniyat irqlari faqat keyingi o‘n-o‘n ikki ming yil orasida faol, samarali rivojlanadi. Shu davrdan yer yuzasida hayot uchun qulay shart-sharoitlar vujudga keladi.

Har bir xalq o‘zining «bolalik» davrini — shakllanish, voyaga yetish davrini boshidan kechirgan. Olmonlar va inglizlar, ispanlar va frantsuzlar, yaponlar va koreyslar, forslar va arablar, hindlar va xitoylar — har bir millat tinchlik va taraqqiyot g‘amini yeganlar, bilimlarini kengaytirib, chuqurlashtirib borganlar. Shuningdek, Markaziy Osiyo hududlarida yashaydigan qabilalar ham yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tariladilar. Hozir bu yerda istiqomat qiladigan qaysi xalq birinchi bo‘lib o‘z shaharlarini, qo‘rg‘onlarini barpo etganini, kim ilm-fanni rivojlantirganini, kim san’atni yuksaklikka ko‘targanini, kim yozuvni bilganini, kim otining dumini tugib, olis jahongirlik safarlariga otlanganini aniq aytib bo‘lmaydi.
Hozir Qozog‘istondagi qadimiy xarobalardan qurol-yaroq, kundalik turmush buyumlari yoki san’at asarlarining namunalari topilib qolsa, bu narsalar qadim zamonlarda shu yerda yashagan bobolarimizga tegishli bo‘lgan deb aytish qiyin. Uzil-kezil shunday fikrda turib olinsa, xato bo‘ladi. Axir, mana shu bepoyon kengliklarda eramizdan avvalgi VIII—III asrlarda qancha-qancha qabilalar istiqomat qilmagan deysiz! Ularning ko‘pchiligini bilamiz. Biz bilmagan yana necha-necha qabilalar bu yerda o‘choqqa olov yoqib, farzandlarini parvarish qilganlar. Masalan, hozirgi finlarning qadimiy ajdodlari qozoq tuprog‘ida yashaganlar. Yoki bo‘lmasam, qadimiy Rim qo‘rg‘onlaridan birida qazilma chog‘ida topilgan o‘ziga xos sahroyi naqshlar bilan bezatilgan qalpoq nimani anglatadi? O’sha qalpoq Atilla qo‘shinida xizmat qilgan, ter va qonga botgan yovqur xun jangchisiga tegishli emasmikan? Qani, bunday emas deb kim ayta oladi?

Shubhasiz, qadimiy dunyo tarixini ko‘plab xalqlar birgaliqda yaratganlar. Insoniyat taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan o‘sha xalqlarning avlodlari hozir Yer yuziga sochilib ketganlar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:24:15
Shoxonov. Ehtimol, odamzot endi emaklab yurishni bas qilib, o‘zini ongli mavjudot sifatida his eta boshlagan va ilk ibtidoiy jamoa tuzum kurtaklari nish urayotgan kezlarda insoniyat yagona bo‘lgan esada ajab emas. Vaqt o‘tishi bilan insoniyat parchalanib ketadi: hayot uchun yaroqli bo‘lgan yangi o‘lkalar o‘zlashtiriladi; sayyora miqyosida ro‘y bergan falokatlar, tarixiy hodisalar natijasida xalqlar tobora bir-biridan uzoqlashib, taraqqiyot bobida bir-birini ortda qoldirib boraveradi. Yo‘qsa, tubjoy amerikaliklar bilan afrikaliklar o‘rtasidagi yaqqol farqni qanday izohlash mumkin? Bo‘lmasam, bir-biriga deyarli qo‘shni bo‘lgan yaponlar bilan hindlar o‘rtasidagi yer bilan osmoncha tafovutni qanday tushunmoq lozim? Lekin, bu degani bir xalq madaniyat jihatidan, son jihatidan boshqa xalqdan ustun qilib yaratilgan degan ma’noni anglatmaydi.
Amerika kashf etilishidan ilgari hindular o‘zlarining milliy madaniyatlarini avaylab-asraganlar, san’at va hunarmandchilikni o‘ziga xos yo‘sinda rivojlantirganlar. Afsuski, keyingi uch yuz yil mobaynida ular ko‘p narsadan mahrum bo‘ldilar, faqat tutqungohda kerak bo‘ladigan kundalik ehtiyojlarini saqlab qoldilar, xolos.

Aytmatov. Bularning hammasining bosh sababi — mustamlakachilik siyosatidir. Dunyodagi ko‘pchilik olimlar: «Afrika, Osiyo xalqlarining yoki Avstraliyadagi tubjoy aholining Yevropa xalqlariga nisbatan qoloqligi, iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan unchalik rivojlanmaganligi asosan o‘sha xalqlarning turmush kechirish shart-sharoiti bilan bog‘liqdir. Ular ishlab chiqarishga moslashmagan, aqliy darajasi mahdud bo‘lib qolgan, qobiliyat jihatdan ham yevropaliklardan xiyla orqada», deb aytadilar. Afsuski, bunday nazariya hamon hukmron mavqega ega bo‘lib turibdi. Aslida, bunday ko‘ngilsiz hodisaning bosh sababchisi — boya aytganimdek, mustamlakachilik siyosatidir. Bu xalqlarga nisbatan asrlar davomida o‘tkazib kelingan zulm natijasida butun-butun xalqlar taraqqiyotdan orqada qolib ketdilar. Musibatning bosh aybdori — siyosat. Ko‘pgina yevropaliklar oddiy shu haqiqatni tan olishni istamaydilar. Mustamlakachilik nazariyasi hayotga tadbiq etildi, bir qator mamlakatlarda esa rasmiy siyosat darajasiga ko‘tarildi. Mustamlakachilik zulmining kuchayib, kengayib borishiga qarama-qarshi turajak vosita sifatida milliy ozodlik harakatlari, qonli to‘qnashuvlar avj olib ketdi.
Agar qulay shart-sharoitlar tug‘ilsa va iqtisodiy imkoniyatlar yetarli bo‘lsa, ayrim rivojlanayotgan davlatlar bir necha yil ichida yuksak taraqqiyotga erishgan mamlakatlarni bemalol har tomonlama quvib o‘tishi mumkin. Yaqindagina ko‘pchilik Yevropa mamlakatlari madaniyat va turmush tarzi sohasida Osiyo mamlakatlaridan xiyla orqada edilar. Faqat keyingi 400 yil mobaynida Yevropa ilg‘orlar safiga qo‘shilib oldi, xolos.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:25:08
Odatda, unchalik rivojlanmagan mamlakatlar deb yuritiladigan (Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur kabi) davlatlar hozir jahon iqtisodiyotida, jahon bozorida muhim o‘rinlarni ishg‘ol qildilar. Ular taraqqiyot sur’ati bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar safida turadilar.

Shoxonov. Ha-a, biz istagan ozodlik bilan amaldagi tobelik o‘rtasida hali juda katta tafovut bor. Ko‘pgina xalqlar ozoddikni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar-da, ammo haqiqiy ozodlik ham, tom ma’nodagi mustaqillik ham oldinda turibdi. Amalda bo‘layotgan ba’zi bir ishlar ham ularning qaramligidan, qullik asoratidan xalos bo‘lmaganidan darak beradi. Inson ozod bo‘lmagan joyda uning joni og‘riydi, azoblanadi. Mustamlakachilik siyosatining asorati, jismoniy va ruhiy qaramlik milliy madaniyatga, urf-odatlarga, ommaning dunyoqarashiga, aql-idrokka, milliy qadriyatlarga, millatning har bir vakiliga salbiy ta’sir o‘tkazdi. Shu boisdan ko‘pchilik o‘z tarixini, etnografiyasini bilmaydi yoki nazariga ilmaydi. O’tgan asrda rus dvoryanlari va zodagonlari o‘zlarining ona tillariga yot nazar bilan qarardilar: bu tilda kambag‘allar, qora xalq, qullar gaplashadi deb pastga uradilar; o‘zlari esa faqat frantsuz tilida so‘zlashar edilar. Qullar ruhiyatini yorqin aks ettiradigan bundan ortiq misol bo‘lmasa kerak! Axir, o‘zimiz ham kechagina chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini bizga oliymaqom madaniyat va ma’rifat keltirdi, O’rta Osiyo xalqlarini savodsizliqdan, yovvoyilikdan qutqardi deb ko‘klarga ko‘tarmasmidik?!

Umuman, insoniyat tarixida o‘tgan asrlardan buyon chuvalashib kelayotgan, ko‘pincha tabiiy ofat darajasiga yetadigan salbiy misollar istagancha topiladi. Tili, dini, iymon-e’tiqodi bir bo‘lgan, qozon-tovog‘i bir bo‘lgan xalqlar bir-biriga zo‘rovonlik qiladilar, boshqa millat vakillarini kamsitadilar, johillik tufayli bir-birini «kelgindi!» deydilar.

Irqchilik nazariyasining eng og‘ir merosi — bu tarix haqiqatini buzib ko‘rsatish, tarixny soxtalashtirishdir. Muayyan bir xalqning iqtisodiy ahvolini ko‘tarish, yaxshilash uchun o‘sha xalq asossiz ravishda ulug‘lanadi, ko‘klarga ko‘tariladi. Ayni zamonda ruhan va jisman qardosh bo‘lmagan boshqa xalq ongli ravishda yerga uriladi, tarix sahnasidan surib chiqariladi. So‘nggi tarixiy davrning — soxta tarix yaratish davrining asosiy tamoyillari ana shulardan iborat.

Hozir biz imperiyaning zulm-zalolatidan xalos bo‘ldik deyishimiz mumkin. Biroq, bungacha qancha avlod xo‘rlandi, ruhan qashshoqlashdi, tubanlashdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:27:11
Aytmatov. «Hukmdorlik tarixi. G’arbiy o‘lkalarning shajarasi» nomli kitobda O’rta Osiyoda istiqomat qilgan sak qabilalari to‘g‘rida gap ketadi. Ular nihoyatda jasur, yovqur xalq bo‘ladi. Dushmanga shafqatsiz, do‘stga mehribon bo‘ladi. Keyin mana bunday ta’rif beriladi: «Ular dushmanning bosh chanog‘idan ichimlik quyiladigan kosa yasaydilar, shu kosa bilan may ichadilar. Dushman terisidan tasma yasab taqib yuradilar...» Bunday odat bizning zamondoshlarimizga yoqmasligi mumkin, lekin o‘tgan asrlardagi ko‘pchilik qadimiy xalqlar shunday urf-odatlarga amal qilganlar. O’ylaymanki, agar hozir biz tarixdagi voqealar qanday bo‘lsa, shundayligicha bayon etsak, zukko o‘quvchi buning uchun roviylarni aybdor sanamasalar kerak. Saklarning yo‘lboshchisi qazo qilsa, unga itoat etadigan xalq juda qattiq motam tutgan: o‘tkir tig‘, qurol bilan o‘z badanlarini tilganlar. Xon qo‘rg‘onga dafn etilgan. Unga qo‘shib xotinlari, cho‘rilari, otlari, qurol-aslahalari, qimmatbaho buyumlar, tillo va kumush tangalar, oziq-ovqat ham yerga ko‘milgan. Odat shunaqa edi.

Shoxonov. Urush paytida bir xalq boshqa bir xalqqa nisbatan o‘tkazgan zulm-zahmat to‘g‘risida gapirib o‘tirishdan hech qanday foyda bo‘lmasa kerak. Shunday bo‘lsa-da, begunoh qurbon bo‘lgan odamlarning ruhi tiriklarga tinchlik bermaydi, qalbimizni mudom larzaga solaveradi. Beixtiyor qozoq shoiri Ziyobek Rustamovning bitta she’ri yodga tushadi:

Arablar shunchaki zabt etishmadi,
qancha boshlar qoldi tuyoq ostida.
Unutsin deb xalq o‘z kechmishin,
toshlardan o‘chirdi xotiralarni.
Va yozdilar qadim mixxat o‘rniga
ilon izi begona shikasta xatlar...

Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:29:07
Mening nazarimda, nihoyatda ibratli bo‘lgan misralarni mudom esda tutmoq joiz.

Aytmatov. Boz ustiga, bu she’rda qadimiy turklarning bitiktoshlari eslatilyapti: nom-nishonsiz yo‘qotib yuborilgan har bir bitiktoshda bizning xotiramizdan chetda qolgan butun boshli bir davr yashirin bo‘lishi mumkin. Vaqt qadimiy xunlarning yozuvidan ayovsiz qasos oladi. Xitoy solnomalarida aytilishicha, qadimiy turklarning madaniyati va tili xunlarning madaniyati bilan tilidan tarqalgan ekan. Jamiki turk xalqlarining timsoli (totem) bitta — BO’RI. Shu bois o‘tmishda jangovar bayroqqa bo‘ri tasviri tushirilgan, tut boshiga esa bo‘rining bosh suyagi ilib qo‘yilgan. Agar qadimiy afsonani eslaydigan bo‘lsak, turklarning xoqoni ham ona bo‘ridan tug‘iladi, bo‘rining farzandi hisoblanadi. Qonli janglardan birida xunlarning hammasi bitta qolmasdan qirilib bitadi; faqat yo‘lboshchi va uning o‘g‘loni, eng kenja farzandi tirik qoladilar. Ustiga-ustak, dushman qabilaning jangchilari bolakayning oyoq-qo‘llarini kesib tashlaydilar. Keyin majruh bolani botqoqlikka itqitib yuboradilar. Ona bo‘ri o‘sha bolakayni topib oladi; uni ochlikdan, muqarrar o‘limdan asrab qoladi. So‘ngra ular er-xotin bo‘ladilar. Ulardan o‘n nafar o‘g‘lon dunyoga keladi. Eng kenja farzandning ismi «Ashina» edi. U qadimiy turk qog‘onlari sulolasining bosh bo‘g‘ini hisoblanadi. Bo‘rilar boshqa farzandlarini Qipchoq, Qirg‘iz, Tatar deb, turkiy xalklarga mansub elatlarning nomlari bilan ataydi.

Men ko‘pgina xalqlarning afsonalarini, ertaklarini eslayman: ularning aksariyatida bo‘ri insonga yordam beradi yoki bosh bo‘g‘in ota-onalaridan biri bo‘ladi. Masalan, sakkizta emchagi bor mashhur antik ona bo‘ri abadiy shahar bo‘lmishning asoschilarini Rim-Romul-Remni parvarish qiladi.

Qadimiy Troya shahri vayron qilinib, kuli ko‘kka sovurilgach, shahar himoyachilarining ozchilik qismi jonlarini saqlab qoladilar. Ular shoshilinch ravishda kemalarda sohildan uzoqlashadilar. Eney ismli darg‘aning tajribakorligi tufayli omon-eson Italiya qirg‘oqlariga yetib borishadi. Qochoqlar yo‘lda ko‘p sarguzashtlarni boshlaridan kechirishadi. Oradan o‘n yildan ortiq vaqt o‘tgach, Eneyning avlodi hisoblanmish Numitor yangi qo‘nimgohda podsho bo‘ladi. U juda ochiq ko‘ngil, mehribon inson edi. Uning ukasi Amuliy ismli hasadgo‘y, yovuz kimsa edi — akasi podsho bo‘lgani uchun kuyib ketadi, pand berish yo‘llarini qidiradi. Nihoyat, u akasini o‘ldirib, taxtni egallab oladi. Amuliy podsho bo‘lgach, Numitorning yaqin kishilarini qilichdan o‘tkaza boshlaydi. Xususan, Romul va Rem ismli balog‘atga yetmagan o‘g‘illarini ham o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Marhum podshoning bolalariga otalik qiladigan kishi yangi podshoning farmoniga ko‘ra, norasida yigitchalarni gumdon qilishi kerak edi. Lekin ularni o‘ldirishga qo‘li bormaydi va bolalarni bo‘ri uyasiga eltib tashlaydi. Bolalarni ona bo‘ri voyaga yetkazadi, ularni o‘z suti bilan boqadi. Ular voyaga yetgach, ko‘plab jasorat namunalarini namoyon etadilar va oxir oqibat, hokimiyatni egallaydilar. Afsonada aytilishicha, o‘sha og‘a-ini qadimiy Rim shahriga asos soladilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:31:32
Shoxonov. Darhaqiqat, ko‘pgina xalqlarning afsonalari, ertaklari, maqol-matallari bir-biriga o‘xshaydi. Bu haqda maxsus gaplashamiz.
Rim haqida gap ochilib qoldi, bir narsani alohida ta’kidlamoq lozimki, dunyodagi birorta mamlakatning antik tarixi qadimiy Rim saltanatining tarixi kabi batafsil asosli, ipidan-ignasigacha o‘rganilmagan. Rimliklar boshqa xalqlarga nisbatan xiyla oldinroq ilm-fanga oshno bo‘lganlar, o‘z tarixini solnomalarga qayd etib borganlar. Bu jihatdan tahsinga loyiq ish qilganlar.

Qadimiy tarix sinchiklab ko‘zdan kechirilsa, rimliklar V asrgacha G’arbiy Yevropani batamom zabt etganini va boshqa xalqlarni ham o‘z ta’sir doirasida, qo‘rquvda tutib turganini kuzatish mumkin. Behisob begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan bosqinchilik urushlari yovvoyilik belgisi emasmi? Agar biz qadimiy xalqlarning bo‘yniga «yovvoyi varvarlar» degan yorliqni osib qo‘ysak, bundan kimga foyda-yu, kimga zarar? Buning keragi bormi?

Aytmatov. Umuman, qaysi davrni olib ko‘rmaylik, muayyan bosqichda qudratli bo‘lgan toifa doim g‘olib keladi, oddiy xalq esa doim aybdor bo‘lib qolaveradi. Axir, zabt etilgan xalqlarning boyliklari dehqon yoki bog‘bonga, cho‘pon yoki podavonga tegmaydi-ku!

Agar qadimiy dunyoning tarixchilari ayrim xalqlarni «yovvoyi varvarlar» deb atasalar, ehtimol, buning faqat bitta sababi bor — ular o‘zlarining tajovuzkorligini oqlamoqchi bo‘ladilar. Aks holda, boshqa xalqlarning hayotini tashkil etgan muqaddas osori atiqalarning jahongirlar tomonidan yo‘qotib yuborilishini qanday qilib oqlab bo‘ladi?

Shu munosabat bilan eramizdan avval yashagan buyuk Rim shoiri Publiy Ovidiy Nazonning quyidagi gaplari yodimga tushdi: «Atrofimda yovqur ko‘chmanchi sarmatlar yashaydi. Yozda Dunayning zilol suvlari bizni himoya qilib turadi. Lekin, qish kelib, daryo ustini muz qoplagach, sarmatlar ketma-ket hujum uyushtiradilar, talonchilik qiladilar. Ular chapdast otlariga Rim qishloqlaridan mol-mulkimizni ship-shiydam qilib, mol-quylarimizni va asirlarni haydab ketadilar. Hatto shahar ko‘chalaridan ham ba’zan uchiga zahar surtilgan sarmatlarning o‘qlari viz-viz etib uchib o‘tadi».

Bu qaydnomaning qimmati shundaki, unda muhim tarixiy haqiqat bor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:32:25
Shoxonov. 24 yasharlik paytidayoq dunyoga mashhur bo‘lgan shoirning keyingi taqdiri nihoyatda ayanchli kechadi. Tabiatan jizzaki, to‘g‘riso‘z, qiziqqon, murosasiz bo‘lgan Ovidiy keyinchalik Rim podshosining g‘azabiga uchraydi va olis Qora dengiz sohillariga surgun qilinadi.
Taqdir taqozosiga ko‘ra, u sarmatlar istiqomat qiladigan yurtga borib qoladi. U paytlari sarmatlar rim legionlariga dushman edi. Ovidiy sahroyi xalqning tilini, urf-odatlarini puxta o‘rganadi va ular to‘g‘risida bir nechta asar yozadi. «Musibatnoma», «Pontadan maktublar» kitoblari uchun sarmatlarning yo‘lboshchisi uni eng oliy mukofot bilan taqdirlaydi va bo‘yniga gulchambar taqib qo‘yadi. Sarmatlar orasida qancha yashamasin, ulardan qancha mehr-oqibat ko‘rmasin, lekin shoirning qalbi otayurti tomon talpinaveradi. Sog‘inch yurak-bag‘rini ezib yuboradi. Uning Rim imperatoriga gunohlarini kechirib, Vatanga qaytishi uchun ruxsat berilishini so‘rab yozgan maktublari saqlanib qolgan. Afsuski, shoirning iltimoslari oqibatsiz qoldiriladi: u sarmatlar orasida keksayib, shu yerda vafot etadi. G’arbdan xushxabar keltirayotgan oppoq to‘lqinlarni ko‘rish unga nasib etmaydi.

Aytmatov. Endi asosiy mavzuga qaytaylik. Saklar davriga aloqador ayrim yodgorliklar, suvratlar, tosh-bitiklar bizgacha yetib kelgan. Hatto shumerlar madaniyati, ularning adabiyoti va imlosi ham bizga begona emas.

Mo‘g‘ilistonning Suji-dovon degan joyidan topilgan Urxun-Yenisoy bitiktoshidagi quyidagi so‘zlarga e’tibor beraylik: «Men Yog‘laxarxon otaman. Uyg‘ur yurtiga kelgan insonman. Men qirg‘izman. Men buyuk xoqonman. Men baxtiyor Bobotarxonning Ogya buyruqlarini bajaraman...» Yoki bo‘lmasam, Talas daryo yoqasidan topilgan yodgorlik-yozuvni o‘qib ko‘raylik: «Agar rost gapni aytadigan bo‘lsak, o‘ttiz qoravul uning do‘stlari edi. Juda yosh edilar. Maymun yilida o‘n yoshga to‘ldim. Mening ismim qora Chur. Ayritosh-Oy o‘lkasida: «Uning ismi Chur. Sizning o‘ttiz nafar askaringiz bor. Ular tinch-totuv va farovon hayot kechirish uchun bizdan ayrildilar. Erlarni ular kuzatib qoldilar. Chun eng keyin ularning izidan ketdi. Ularning xotinlari beva bo‘lib qoldilar», deb bitiktoshga o‘yib yozilgan». Solnomaga yoki shajaraga o‘xshaydigan yodgorlikda shunday yozuvlar bor ekan.

Toshlarga o‘yib yozilgan qadimiy yodgorliklar, afsuski, vaqt o‘tishi bilan o‘chib ketgan yoki ko‘p joylarda yo‘qotib yuborilgan. Bizga o‘sha ma’lumotlarning o‘ndan bir, balki yuzdan bir qismi yetib kelgan, xolos. Shunisiga ham shukr qilishimiz kerak.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:33:26
Shoxonov. Kultegin va To‘nyuquq faoliyatiga tegishli qadimiy turk yozuvlari ham turklar hayotining katta bir bo‘lagi, ularning tarixi, ular bepoyon kengliklarda ko‘chmanchi bo‘lib yurgan davrlar to‘g‘risida hikoya qiladi.

Umuman, qonuniy savol tug‘iladi, xo‘sh, To‘nyuquq aynan o‘z xalqi uchun, odamlar uchun nimalar qildi? Uning xohish-irodasiga ko‘ra otlarini egarlagan yoki ko‘ch-ko‘ronini tuyalarga ortib, orqasidan ergashib yurgan odamlarga nima karomat ko‘rsatdi?

Aytmatov. Meni kechirasan-u, lekin To‘nyuquqning ismi masalasida shaxsiy fikr-mulohazalarimni bildirib qo‘ymoqchiman. Birdan faraz qildim. Nazarimda, uning ismi aslida «Tunkukuk» bo‘lgan. Ya’ni, «Tun — oqshom, kukuk — kakku, boyo‘g‘li». Demak, «tunda sayraydigan «boyqush».
Shoxonov. Balki shundaydir. Hartugul, chakki emas. Lekin, olimlarning e’tirof etishicha, To‘nyuquq degani «bilimdon» degan ma’noni anglatadi. Hozircha bu masalani o‘z holida qoldiramiz.

To‘nyuquq taxminan, 646 yili tug‘ilgan va milodning 731 yilida vafot etgan. U jamiki turklarning yo‘lboshchisi bo‘lgan. U qog‘oonlarning (qog‘on ham xon kabi) o‘qituvchisi, ustozi bo‘ladi. Elterish qog‘oon, Bilgi qog‘oon, Qopog‘on qog‘oon, shuningdek, sarkarda Kulteginlar bevosita To‘nyuquq tomonidan tarbiyalanadilar. Unga o‘xshagan xalq himoyachisi, hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, vatanparvar juda kamdan-kam topiladi. U toshbitikka xalq taqdirini, tarixini, g‘am-g‘ussalarini va quvonchlarini o‘ydirib yozdirgan. «Bilga To‘nyuquq men o‘zim Tabg‘ach davlatida tarbiyalandim. Turk xalqi Tabg‘achga qarar edi», deb yozadi o‘zining tarjimai holida. O’sha paytlari xitoylarni tabg‘achlar derdilar. Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, To‘nyuquqning ota-bobolari Qora Irtish bo‘ylarida yashaganlar va qarluqlar qabilasidan tarqalganlar. Yana tosh-bitiklarda qayd qilingan tarixiy ma’lumotlarga murojaat etamiz: «Men bilga To‘nyuquq Oltin yishni oshib keldik. Ertish daryosini kechib keldik. Jangchilarning kelgani qahramon, deganlar. Dushman sezmadi. Tangri, umay (qadimiy turklarning onalik belgisiga ega bo‘lgan xudosi: izoh bizniki — tarj.), muqaddas yer-suv — vatan dushmanni bosib bergan ko‘rinadi. Nega chekinamiz, ko‘p deb nega qo‘rqamiz, o‘zimizni oz deb nega qo‘rqamiz? Qani, ustun kelaylik, hujum qilaylik, dedim. Hujum qildik, tor-mor qildik. Ikkinchi kun keldi, yong‘inday qizib keldi. Tangri madad bergani uchun, ko‘p deb biz qo‘rqmadik, jang qildik. Tardush shadi aralashdi. Tor-mor qildik. Xoqoni, yabg‘usi, shadi o‘sha yerda o‘ldirildi. Elliktacha yigit asir olindi va o‘sha kechasiyoq o‘z xalqiga qaytarib yuborildi. U gapni eshitib o‘n o‘q beglari, xalqi, hammasi keldi, bosh egdi». Bu ma’lumotlardan ravshan bo‘lyaptiki, turklar tabg‘achlarning yolgon siyosatiga ishonib yovlashgan oddiy xalq vakillarini o‘ldirmaydilar, ularni o‘z yurtiga qaytarib yuboradilar. Lekin, fisq-fasod qo‘zg‘aydigan yo‘lboshchilar qatl etiladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:34:22
Aytmatov. Juda katta tarixiy ahamiyatga molik bo‘lgan bu noyob hujjatlar necha asrlardan beri tadqiqotchilar nigohiga muntazir edi!
«Tangri madadkor bo‘lsin! Bu turk xalqiga qurolli dushmanni ham, yalovli otliqni ham yaqinlashtirmadim. Eltarish xoqon muvaffaqiyat qozonmasa, unga ergashib o‘zim zafar qozonmasam, davlat ham, xalq ham yo‘q bo‘lib ketar edi. Muvaffaqiyat qozonganimiz uchun davlat ham davlat bo‘ldi, xalq ham xalq bo‘ldi. O’zim chol bo‘ldim... Turk Bilga xoqon davlatida bu bitikni bitdim».

Xalqqa qarata aytilgan vasiyatlar bitikdoshlarda muhrlanib qolgan. Bular turkiy xalqlarning unutilgan o‘tmishidagi yorqin sahifalardir.

Shoxonov. Bahodir bobomiz Kulteginga bag‘ishlangan bitiktoshni tom ma’noda qahramonlik dostoni deb atash mumkin. Turk xalqining tuprog‘ini yovlardan mardonavor himoya qilgan ul mukarram zot hayotlik paytida «Ko‘k qilich» laqabini olgan edi. Uning o‘limini eshitib faqat do‘stlari emas, hatto dushmanlari ham juda qattiq musibat chekadilar. Yo‘llug‘ tegin birodarining jasoratga to‘la hayotini bunday tasvirlaydi: «Inim Kultegin vafot etdi. O’zim alam chekdim. Ko‘rar ko‘zim ko‘rmayotgandek, bilar aqlim bilmayotgandek darajada es-hushimni yo‘qotdim. Dunyoni Tangri yaratgan. Inson bolasi borki, hammasini o‘ladigan qilib yaratgan. Shunchalik alam tortdimki, ko‘zga yosh kelganda, ko‘ngulga yig‘i kelganda qayta-qayta qayg‘urdim. Ikki shad — keyingi inim va jiyanimning, bolam va beklarimning, xalqimning ahvoli yomon bo‘ladi deb o‘yladim. Azaga Qitan, Tatabi, Udar o‘z xalqini boshlab keldilar. Tabg‘ach xoqoni nomidan Isiy Likang keldi. Bir tuman ipak, oltin, kumush keltirdi. Tibet xoqoni nomidan Bo‘lun keldi. Kunbotardan Sug‘d, Barchakar, Buqaraq ulus nomidan Nang sangun, O’g‘ul tarxon keldilar. O’n o‘q o‘g‘limdan — Turgash xoqonidan Maqarach tamg‘achi, O’g‘uz Bilga tamg‘achi keldilar. Qirg‘iz xoqonidan Tardush Inanchu cho‘r keldi. Bino yasovchi, naqshinkor bitiktosh yasovchi Tabg‘ach xoqonining chiqani Chang Sangun keldi. Kultegin qo‘y yilida, o‘n yettinchi kuni o‘ldi. To‘qqizinchi oyning yigirma yettisida azasini o‘tkazdik. Binosini, naqshini, bitiktoshni Maymun yilida, yettinchi oyning yigirma yettisida butunlay tamomladik. Kultegin qirq yetti yoshida vafot etdi. Muncha naqshni Tuygun Eltabar keltirdi». Bitiktoshda mana shunday so‘zlar yozilgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:35:25
Aytmatov. Kultegin bitiktoshi bilan Talasdan topilgan qadimiy yozuv o‘rtasida birtalay o‘xshashlik bor. Hatto bayon qilish usuli ham bir xil.

Shoxonov. Chike,  Siz bilan ushbu suhbatga tayyorgarlik kurish jarayonida qadimiy, antik davri, o‘rta asrlar tarixini sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdim. O’z oldimga juda murakkab vazifalarni qo‘ydim: turkiy tillarda so‘zlashadigan o‘zbeklar va uyg‘urlar, qozoqlar va qirg‘izlar, turkmanlar va qoraqalpoqlar, tatarlar va boshqirdlar, no‘g‘oylar va chuvashlar, xakaslar va yoqutlar, ozarboyjonlar va usmonli turklar, qorachoylar va bulg‘orlar, qo‘ng‘irotlar va qipchoqlar, qarluqlar va laqaylar, do‘rmonlar va mang‘itlar kabi xalqlar qachon, qaysi asrlarda o‘zlarining mustaqil davlatlarini tashkil etishib, bir-birlaridan ajralib ketganlar? Bitta buyuk daraxtning shox-shabbalariga o‘xshagan bu xalqlar tarix sahnasiga har xil vaqtlarda, har xil yo‘llar bilan chiqib kelganlar. Boz ustiga, nomlari ham turlicha bo‘lgan.

Antik davrda yashagan mualliflarning kitoblarida, qadimiy yunonlar qoldirgan ma’lumotlarda ko‘rsatilishicha, saklarning o‘zlari ham massagetlar, yaksartlar, dayov, dahov, faratov, qumorlar, askagetlar, issedonlar, assiriylar, arimaslar, sarmatlar, hazorlar kabi elatlarga bo‘lingan ekan. Ularning yaylovlari ham, yashash joylari ham aniq bo‘lgan.

Aytmatov. Dastlab sanab ko‘rsatilgan turkiy xalqlar antik davrlarda yashagan va ana shu zaminda hukmron bo‘lgan qadimiy xalqlarning merosxo‘rlari bo‘lganlar. Bu masalada sening fikrlaringga to‘la qo‘shilaman. Tarixiy hujjatlar ham boyagi gaplarni bot-bot tasdiqlaydi. Xunlar, skiflar, saklar bekorga jahon tarixidan munosib o‘rin olmaganlar. Agar qadim zamonlarda o‘tgan xonlar, botirlar jasorati to‘g‘risida gapira boshlasak, go‘yo o‘zimizni o‘zimiz maqtayotgandek, boshqalarni esa yerga urayotgandek tuyulishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, bir-ikki tarixiy haqiqatni eslatib o‘tsak zarar qilmas. Hammamiz yaxshi bilamizki, eramizdan avvalgi VI asrda sak-massagetlarning To‘maris ismli qirolichasi bo‘lgan. U jasur ayol edi. To‘maris to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlar bor.
Qirolicha To‘maris sak qabilalarini birlashtirib, markazlashgan davlat barpo etadi. Assuriya, Midiya kabi qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin aloqa o‘rnatadilar. Mashhur Eron shohi Kir II uzoq vaqt mobaynida saklar bilan do‘stona munosabatda bo‘ladi, hatto harbiy ittifoq tuzadi. Keyinchalik nihoyatda boyib, ko‘ziga qon to‘lgan Kir eski do‘stlik haqqi-hurmatini unutib, hozirgi Markaziy Osiyo hududiga qo‘shin tortib keladi. Bu yerlarda sak-massagetlar istiqomat qilardilar. Qonli to‘qnashuvlardan so‘ng eroniylar qaqshatgich mag‘lubiyatga uchraydi, Kirning o‘zi jang maydonida o‘ldiriladi. O’sha urush tafsilotlari haqida yunon muarrixi Gerodot bunday deb yozadi: «Ayol — massagetlarning qirolichasi To‘maris jangda eroniylar ustidan g‘alabaga erishgach, Kirning boshini kesib olib uni qon to‘ldirilgan meshga tiqadi va: «Sen umr bo‘yi qon ichib to‘ymading! Mana, endi to‘yguningcha ichgin!» deydi. Keyin o‘sha meshning og‘zini bog‘lab daryoga otib yuboradi».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:37:20
Saklar azal-azaldan bobolarining arvohlariga sig‘inganlar. Bundan tashqari, sayyoralarga, Quyoshga, Oyga, yulduzlarga ham sajda qilganlar. O’troqlashib, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan saklar esa Osmon Tangrisiga sig‘inadilar, uni ilohiylashtiradilar; urush xudosiga ham ishonganlar, yerga nayza yoki qilichni sanchib qo‘yishib, uning ustidan qon yoki sut quyib sug‘organlar. Ular vafot etgan podsholarini, jangda halok bo‘lgan jasur askarlarni izzat-ikrom bilan dafn etganlar. Marhumga qo‘shib idish-tovoqlarni ham dafn etganlar. Narigi dunyoda idish-tovoq kerak bo‘ladi deb ishonganlar. Qabr ustini baland tepalik qilib ko‘targanlar yoki qo‘rg‘on qurganlar. Atrofga tuproq tortganlar, tosh bilan o‘rab qo‘yganlar.

Shoxonov. Q.Aqishev rahbarlik qilgan qadimshunoslar guruhi Issiq qo‘rg‘onda qazilma ishlarini o‘tkazgan paytlarida u yerdan saklarning podshosi — «oltin odam» dafn etilgan mozorni topdilar. Bu kashfiyot dunyo qadimshunoslari o‘rtasida juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. O’sha qabrda 17-18 yashar sak jangchisi boshini g‘arbga qaratib, chalqancha yotgan ekan. Uning boshida 65-70 sm. balandlikdagi telpak bor bo‘lib, hoshiyasiga zar ip bilan yirtqich hayvonlaru tog‘laru daraxtlarning tasviri tushirilgan edi. Ajoyib bosh kiyimning old tarafiga bir juft tillo qanoti bo‘lgan ot timsoli tushirilgan. Otning echkiniki kabi shoxlari bo‘lib, yelkasidan to‘rtta tillo o‘q chiqib turardi.   Marhumning  bo‘yida  tillo  halqa,   halqaning chetlariga barsning boshlari muhrlangan edi. «Oltin odam»ning egnida qip-qizil charm chakmon; chakmonga uch mingga yaqin tillodan qadama bezak qadalgan. Belida enlik charm tasma; tasmaga ham tillo bezaklar qadalgan. O’ng tarafida uzun temir qilich, so‘l tarafida tillodan bezak berilgan temir xanjar. Qabrdan o‘ttizdan ortiq idish-tovoq topiladi. Ular orasida tubiga ikki qator qadimiy yozuv bitilgan kumush kosa ham bo‘ladi. Bu bitikni «Issiq yozuvi» deb nomladilar. Olimlar yozuvning mag‘zini chaqa olmadilar, lekin uning bundan 2300-2500 yil muqaddam o‘tgan saklarning yozuvi ekanini tasdiqdadilar. Qadimiy bobolarimiz o‘z imlosiga ega bo‘lganlar.

Hozir o‘sha «oltin odam» ko‘plab tarixiy-etnografik ko‘rgazmalarda ishtirok etyapti; saklar davrining yorqin madaniy yodgorligi sifatida guvohlik beryapti. Butun dunyo olimlari bu mo‘‘jizani ko‘rib hayratlanyaptilar. Biz tushuntirib berilmagan haqiqatni «oltin odam» el-ulusga tushuntiryapti. U bizning qadamimiz yetmaydigan olis o‘lkalarga safar qilayotir.

Har bir xalqning qadimiy davrlardan qolgan noyob yodgorligi bo‘ladi. Bebaho yodgorlik. Biz betimsol xazinamizni, afsonaviy o‘tmishdan darak berib turgan yodgorliklarimizni xoh u olamdagi yetti mo‘‘jizadan biri bo‘ladimi, xoh antik ustaning qo‘li tekkan dag‘algina temir igna bo‘ladimi, baribir ko‘z qorachig‘iday asrashimiz kerak. Faqat shu bugungi kunlar bilan ham, faqat kelajakni ko‘zlab ham yashab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bugungi kunimiz ham g‘amxo‘rlikka muhtoj, lekin o‘tmish ko‘proq g‘amxo‘rlik talab qiladi. O’tmishni anglash darkor. O’tmishni o‘rganishni, o‘tmishga munosabatni yuksak darajaga ko‘tarmoq lozim. Qadimiy tariximizdan guvohlik beradigan arxivlar har bir xalqning milliy boyligi, merosi hisoblanadi. Boshqa mamlakatlarda tarix qanday saqlanayotganini, har bir tarixiy ikir-chikirga ham qanchalik ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘layotganlarini ko‘rib ba’zan kishining xo‘rligi keladi: biz o‘z tariximizning qadriga qachon yetamiz?!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:39:56
Qadimiy zamonlarda el-elatlar, millat va xalqlar o‘rtasidagi farqni ajratib bo‘lmaydigan davrlar ham bo‘lgan. «Buyuk jo‘g‘rofiy kashfiyotlar davri» bo‘lmish o‘rta asrlarda madaniyat, san’at, ilm-fan tezkorlik bilan rivojlandi. O’rta asrlar ham, Uyg‘onish davri ham chinakamiga «oltin asr» bo‘lgandi. Aynan qadim zamonlarda ajoyib shaharlar bunyod etildi, pul muomalaga kiritildi, imlo paydo bo‘ldi, olamning yetti mo‘‘jizasi ham o‘sha paytlarda yaratiladi. Olamni halokatdan, vayronagarchilikdan saqlab qoladigan go‘zallik xuddi o‘sha paytlarda qudratini ko‘rsatadi.

O’rta asrlarda mamlakatlarni, xalqlarni boshqargan yo‘lboshchilar qadim zamonlarda muayyan xalqning inon-ixtiyoriga berib qo‘yilgan yer-mulkni qayta taqsimlashga, chegaralarni qayta qurishga kirishadilar. Natijada muvozanat buziladi. Asrlar mobaynida asta-sekin shakllangan turmush tarzi, tartib-qoidalar, mamlakat hayoti izdan chiqib ketadi. Zil-zambil dubulg‘ayu kalta nayzalar o‘rnini o‘q va to‘p otadigan zambaraklar egallaydi. Yangi qurol-aslahalar uzoq davom etadigan qonli urushlarning asosiy sababchisi bo‘ladi.

Aytmatov. Gullab-yashnagan farovon zamonlarda bir-biri bilan chegaradosh bo‘lgan mamlakatlar urush yilla-rida ham, boshlariga og‘ir musibat tushgan paytlarda ham doim birga bo‘ladilar, bir-birlariga yordam beradilar. Masalan, qaysi asrni olib ko‘rmaylik ruslar, ukrainlar, beloruslar mudom birga bo‘lganlar. Xuddi shuningdek, eramizdan avval ham, eramizning boshlarida ham birga yashagan turkiy xalqlar tarix sahifalarida goh Usunlar davlati, goh Davlat qog‘oonoti, goh Qanglilar qog‘oonoti, goh Turklar qog‘oonoti, goh Dashti Qipchoq davlati, goh O’g‘uzlar davlati deb atalgan bo‘lsa-da, ammo hammasi doimo urug‘-aymoqlarni birlashtirishga intilganlar. Seniki-meniki deb, sen o‘zimizniki, sen begona deb ayirmachilik qilmaydilar.

Shoxonov. To‘ppa-to‘g‘ri! O’rta asrlarda qirqdan ortiq turk urug‘lari mavjud edi. Lekin, faqat tatarlar, qoraqalpoqlar, yoqutlar, turkmanlar, boshqirdlar, uyg‘urlar, chuvashlar, xakaslar, tuvalar o‘zlarining muxtor davlatlarini tuzadilar, xolos. Boshqalar esa o‘zbek, qirg‘iz, qozoq xalqlari tarkibida bo‘ladilar.

Eron shohi O’g‘uzlar davlatini parchalab yuborgach, ko‘psonli xalq yashash joyiga, urf-odatiga, qarindosh-urug‘chiligiga qarab to‘qqiz elatga bo‘linib ketadi. Agar ular  nomma-nom  sanalsa,  qiziq holat vujudga keladi. Afg‘on o‘z xonligini barpo etadi. Saklarning o‘n ikki urug‘i o‘z holicha ajrab chiqadilar. Qo‘ng‘irotlarning o‘n ikki urug‘i ham, toyshiqlaru mang‘itlaru qatag‘onu xitoylarning (turk urug‘ining nomi shunday) ham o‘n ikki urug‘i birlashib o‘zicha xonlik tuzadilar. Qipchoqlar, jadigarlar, qalshamlar esa Sariarqda ko‘chmanchilik bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Qozoqlar, qirg‘izlar, quramalar, mang‘itlar, qoraqalpoqlar esa har biri o‘z holicha yurardi: har birining o‘z uyi, o‘z o‘chog‘i bor edi. Edil (Volga) bo‘ylarida, Yoyiqda (O’rol) ko‘chmanchi bo‘lib yurgan no‘g‘oniylarning o‘n urug‘i birlashib, Edil bo‘yidagi Saroy shahrini poytaxt tutadilar. Saljuqlar bilan uyg‘urlar ham o‘zlarining xonligini bunyodga keltiradilar. Oltoyga ketgan naymanlar esa naymaniylar sulolasiga asos soladilar. Ularning o‘ziga xos tarixi, o‘z davlati bor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:41:27
Aytmatov. Agar shajaraga asoslanadigan bo‘lsak, mashhur Qoraxondan O’g‘uzxon chiqib kelgan. O’g‘uzxon o‘g‘li Tog‘inxondan qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, quramalar, mang‘itlar tarqaladi.
Shoxonov. Agar kalavaning uchini yo‘qotmasdan chuvalashtirishda davom etsak, yuqorida nomlari zikr etilgan xalqlarning uluslarga, xonliklarga bo‘linganini ko‘ramiz: No‘g‘oy ulusi, Mang‘it ulusi, tatar xonligi, qozoq xonligi. O’zbek ulusi esa to‘qson ikki urug‘dan iborat bo‘lgan.
Masalan, O’rta Osiyoda istiqomat qiladigan va O’zbekiston atrofiga birlashgan xalqning ko‘p asrlik tarixi bor. Bu xalq o‘zini o‘zbeklar deb ataydi; uzoq davom etgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgach, yuksak taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tariladi. O’rta asrlarda Shayboniylar o‘z qarorgohini o‘rnatgan yurt ko‘plab bosqinchilarning qonli yurishlariga guvoh bo‘lgan. Bu muborak yurt g‘alaba nashidasini ham suradi, mag‘lubiyat alamini ham tortadi. Lekin doimo birlikni asrab qoladi; boshqa ko‘pgina xalqlarning uyg‘onishiga, taraqqiyotiga asos yaratib beradi. Bu yurtning har bir qarichi o‘ziga xos g‘aroyib tarixga ega.

Dunyoga mehnatkash dehqonlari bilan tanilgan o‘zbeklar nihoyatda qudratli xalq, uning Alisher Navoiy kabi daho shoirlari, Mirzo Ulug‘bek kabi daho olimlari insoniyat madaniyatiga munosib ulush qo‘shganlar.
Unga qo‘shni bo‘lgan qozoqlar va qirg‘izlar o‘zbeklarning tarixini, madaniyatini, milliy o‘ziga xosligini hurmat qiladilar. O’zbek xalqi maxsus Qo‘lyozmalar instituti tashkil etib, qadimiy yilnomalarni, shajaralarni asrab qoldi. Uzoqni ko‘zlagan xalq yetuklik namunasini ko‘rsatdi. O’sha muassasa binosida jamiki turkiy xalqlarning qadimiy yilnomalari, tarixiga oid hujjatlar, ilmiy asarlar va boshqa muhim manbalar saqlanadi. O’tmishga hurmat-e’tibor, hozirgi kunlarga shukronalik, kelajakka kafolot xuddi shunday bo‘lishi kerak.

Biz suhbatimiz davomida ilgari kamdan-kam hollarda tilga olinadigan ko‘plab aziz zotlarning nomlarini tilga oldik. Bular o‘z tuprog‘ini, o‘z mamlakatini xunlar davridan buyon yovdan himoya qilib kelayotgan xonlar, beklar, sarkardalardir, ma’rifatparvarlardir. Ularning nomlarini unutmaslik kerak. Agar ularning ruhi barhayot bo‘lsa, har birimiz o‘z imkoniyatlarimiz darajasida xalqimiz tarixiga nimadir qo‘shish uchun, bobolarimizga, tariximizga nisbatan shu paytgacha yo‘l qo‘yib kelingan adolatsizlikka barham berish uchun harakat qilayotganimizni ko‘rib turibdilar.

Bizning tarixchi olimlarimiz burunlaridan narini ko‘rmaydilar. Ular qozoq xalqi 1456 yilda paydo bo‘lgan deb turib oladilar, undan naridagi tarixga nazar tashlashni negadir istamaydilar. Go‘yo qozoqlar oydan tap etib tushgandek! Vaholanki, qadim zamonlarda goh birlashib, goh ma’lum sabablarga ko‘ra ajrashib yurganlar. Muayyan uyushmalarga birlashganlar, so‘ng yana ajrashganlar. Toki ikkita buyuk saltanat paydo bo‘lguncha beqarorlik davom etavergan. Eng achinarli joyi shundaki, ko‘pchilik tarixchi olimlar o‘tmishga bugungi kishi ko‘zi bilan qaraydilar, tarixiy voqealarga bugungi kun nuqtai nazaridan baho beradilar. Biz bunday tushunchayu dunyoqarash bilan uzoqqa bormaymiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:42:24
Aytmatov. Frantsuzlarning eski qomusida quyidagi jumlalarga duch kelamiz: «Xunlar tarkibiga, xunlar o‘rdasiga ko‘plab ko‘chmanchi urug‘lar, qabilalar kiradi. Xunlarning gullab-yashnagan, taraqqiyot cho‘qqisiga erishgan davri ularga Attila yo‘lboshchilik qilgan paytlarga to‘g‘ri keladi. O’sha paytlarda ular insoniyat istiqomat qiladigan dunyoning yarmini egallagan edilar». Attila — xunlarning yo‘lboshchisi, u eramizning V asrida yashagan. Uning asil ismi Odil botir Mundzuk o‘g‘lidir. Xunlarning o‘rdasi Hazor (Kaspiy) dengizining shimoliy sohillarida barpo etiladi. O’sha zamonlari Qozog‘iston va O’rta Osiyoda yashagan uysunlar, qanglilar, doylar, alanlar kabi ko‘chmanchi qabilalar, urug‘lar ham o‘rda tarkibiga kirardi. Bu haqda A.N. Bernshtam: «O’rta Osiyodagi xunlar ittifoqi shu hududdagi urug‘-aymoqlarny birlashtiradi va qirg‘iz-lar, qozoqlar, turkmanlar kabi elatlarning millat bo‘lib shakllanishiga puxta zamin hozirlaydi. Bu jihatdan o‘rda juda muhim ijobiy vazifani ado etadi», deb yozadi. Frantsuz tarixchisi O.T’erri o‘zining o‘sha davr voqealariga bag‘ishlangan asarida: «Insoniyat tarixida Attilaning nomi Iskandar Zulqarnayn, Yuliy Sezar nomlari bilan bir qatorda turadi», deb e’tirof etadi. Odil botir o‘zining jasorati va sarkardalik iqtidori bilan butun Yevropada dong taratadi. Hayotlik paytidayoq u haqda ko‘plab qo‘shiqlar, qasidalar yaratiladi.

Shoxonov. Mutlaqo to‘g‘ri. Afsuski, Qozog‘istonda yozuvchi Tursun Jurtboev bilan yosh olim Samat O’taniyozovning tadqiqot-maqolalaridan boshqa Attila — Odil to‘g‘risida yozilgan birorta ilmiy asarni o‘qiganim yo‘q. Odil botirning hayotiga oid ma’lumotlar, jasoratiga doir e’tiroflar Rim diplomati Prisk Paniyskiy va qadimgi olmon tarixchisi Iordan asarlari orqali bizgacha yetib kelgan. Ularning ilm-fan uchun bebaho bo‘lgan ma’lumotlarini A.N. Bernshtam, L.N. Gumilyov kabi ulug‘ olimlar maxsus tadqiq qilganlar. Hatto Karl Marks bilan F.Engelsning asarlarida ham Attilaning nomi uchraydi. K.Marks: «Attila o‘zining xunlari bilan italyanlarga kamsuqum farishta bo‘lib ko‘rinishini ayrim kishilar juda yaxshi tushunadilar», deb yozadi va Napoleonni Attila bilan taqqoslaydi.
448 yili Prisk Xunlarning O’rdasiga borib, shaxsan Attila bilan uchrashadi. Xunlar dohiysining tashqi qiyofasini shunday tasvirlaydi: «Uni kimki ko‘rgan bo‘lsa, darhol bu haqiqiy osiyolik deb ataydi. Kallasi katta, o‘rta bo‘yli, baquvvat. Ko‘zlari qisiqroq, nigohlari o‘tkir, xuddi qarayotgan joyini teshib yuborgudek bo‘ladi. Ishonch bilan qadam tashlaydi, ildam. Tovushi qo‘ng‘iroqday, xuddi kumush tanga jarangiga o‘xshaydi. Ovozi quloqqa nihoyatda yoqimli eshitiladi».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:44:01
Aytmatov. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa, Attila rimliklar huzuriga jo‘natgan elchini ular sotib olmoqchi bo‘ladilar; o‘rdaga borib, podshoni o‘ldirsang bir dunyo tillo beramiz, deb va’da qiladilar. Rimning o‘sha paytdagi imperatori Feodosiy II bilan yepiskop Xristofi shunday iflos ishga bosh bo‘ladilar.

Ikki buyuk saltanat bitta dunyoga sig‘masligiga ishonch hosil qilgan Attila o‘zining Oltin yolli otiga minib, safarga jo‘naydi. Dunay, Reyn, Nekkaro daryolarining sohillarida yashaydigan va Rim imperiyasining zulmi ostida ezilib yotgan xalqlar ozod qilinadi. Ular Attilaning qaramog‘iga o‘tadilar. Hatto shu darajaga boradiki, olmonlarning frank qabilasi Attilaning qo‘l ostiga o‘tish uchun o‘z qirolini o‘ldiradi. Aftidan, qirol hokimiyatni xunlarga topshirishni istamaydi, shekilli. Turinlar, burgundlar qabilasi o‘z ixtiyori bilan xunlarga bo‘ysunadilar. Ilgari hech qachon ittifoq bo‘lmagan, doimo bir-birlari bilan urushib kelgan xalqlar, qirollar Rim imperiyasiga qarshi kurashish uchun xunlar bayrog‘i ostida birlashadilar. Bu holat Attila oqil sarkarda va uzoqni ko‘radigan siyosatchi ekanidan guvohlik beradi.

Shoxonov. 451 yilda Attila Men shahrini zabt etadi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Parij yaqinidagi Katalaun maydonida Rim imperiyasi qo‘shinlariga qarshi jang bo‘ladi. Bu qonli to‘qnashuvda har ikki tomondan hammasi bo‘lib bir yuzu oltmish besh ming kishi o‘ladi. Prisk o‘sha jangni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan. «Bir hafta mobaynida qalin tuman bo‘lib turdi. Atrofdagi biror narsani ko‘rib bo‘lmasdi. Irmoqlar, jilg‘alar, jarliklar qonga to‘ldi, o‘zanlardan to‘lib-toshib qonlar oqdi. Osmonda o‘laksaxo‘r qushlar shu qadar kupayib ketdiki, ularga qarashning o‘zi dahshat edi», deb yozadi u jang tafsilotlari to‘g‘risida.

Aytmatov. Katalaun jangidan so‘ng ikki yil o‘tgach, Attila Burgundiya qirolining singlisi bo‘lmish go‘zal Ildionaga uylanmoqchi bo‘ladi. To‘yga tayyorgarlik boshlanadi. Zabt etilgan butun dunyo ham to‘y kunini intizorlik bilan kutardi. Biroq, aynan to‘y kuni xunlarning yo‘lboshchisi sirli ravishda halok bo‘ladi. Attila bayrog‘i ostida butun Osiyo va Yevropani zabt etgan turklarning qirq urug‘i juda qattiq musibat chekadi. Afsuski, to‘y kuni o‘lgan dahoning jumbog‘i hozirgacha yechilmadi.

Qadimdagi tarixiy yilnomalarda qayd qilinishicha, Attila uchta xotinidan yetti nafar o‘g‘il ko‘radi. Ularning ismi Ellak, Dengizak, Yernak, Yemnazar, Ota, Yoshqolma, Uzunto‘ra. Edil va Yoyiq sohillaridagi bepoyon o‘lkalarga Ellak hukmdor bo‘ladi. Keyinchalik mana shu o‘lkada Turk xoqonligi barpo etiladi. Undan keyin Hazor davlati vujudga keladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:45:06
Shoxonov. Yevropa xalqdari Attilani hozirgacha buyuk dohiy va sarkarda sifatida eslab yurishadi. U haqda ko‘plab afsonalar, ertaklar to‘qilgan. Shuningdek, badiiy asarlar, she’rlar, dostonlar, tarixiy romanlar yozilgan. «Oltin yolli otning tuyog‘i tushgan joyda maysa ko‘karmaydi», degan iborani go‘yo Attila aytganmish. Bu ham bir afsona.

Attila o‘n besh asr muqaddam yashagan edi. U ham o‘z davrining va o‘z xalqining farzandi bo‘lgan. Qozoq xalqining og‘zaki ijodida u haqda doston bor. Dostonning quyidagi misralari diqqatga sazovor:

Juda qadim-qadim zamonda,
U zabt etar yurtni kamonda.
To‘da-to‘da g‘arblik elatni
qamchin bilan haydagani rost.
Turk budunning olamga mutlaq
xon bo‘lishin o‘ylagani rost.
Biroq, yozug‘ — beshafqat o‘lim
oramizdan Odil botirni
olib ketdi. Qutilmadi
u-da taqdirdan.

Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:48:01
Axir, bizning tarixchi olimlarimiz, adabiyotshunoslarimiz qadimiy tariximizga doir bo‘lgan mana shu dostonni o‘rgansalar bo‘lmaydimi?!
Rim zabt etilgach, Attila o‘zining Oltin yolli otidan egar-jabduqni yechib oladi-da: «Endi men zabt etadigan mamlakat qolmadi. Hech kim mening xalqimga qarshi bosh ko‘tara olmaydi. Men seni ozodlikka qo‘yib yuboraman. Aziz do‘stim, xohlagan tomonga qarab yuguraver!» deydiyu bo‘shatib yuboradi. Afsonada aytilishicha, Oltin yolli ot osmonga uchib ketadi, Agar afsonaga ishonadigan bo‘lsak, turk xalqi Attilaga o‘xshagan yana bitta farzand ko‘rsa o‘sha ot qaytib kelarmish va o‘z sohibiga sidqidildan xizmat qilarmish.

Aytmatov. Men o‘sha afsonani sal boshqacharoq talqin qilgan bo‘lardim: bizning tarixiy ongimizda uyg‘onish ro‘y bersa, o‘sha ot qaytib keladi. Hozircha afsonaviy Oltin yolli otni kutib yashaymiz. Biroq, haqqoniy tarix sahifalarida Attila o‘ziga munosib o‘rinni egallashi lozim: adabiyotlarda uning hayoti to‘g‘ri yoritilishi kerak, xalqimiz uning nomini ham, qilgan ishlarini ham anglasin. Attila ham, Qo‘rqut ota ham bizning umumiy merosimiz, xalqlarimizning milliy boyligidir.

Shoxonov. To‘g‘ri, Qo‘rqut ota to‘g‘risida har bir turkiy xalqning o‘ziga xos afsonasi bor. Bu borada uydirmaga hech qanday hojat yo‘q. Qo‘rqut ota siymosi, uning so‘zlari, musiqasi, iboralari, donishmandligi har birimiz uchun azizdir. U haqda ozariy shoir o‘qigan she’rni o‘z quloqlarim bilan eshitganman:

Qo‘rqut ota tug‘ilar damda
sel-yomg‘irdan osmon qoraydi.
Yer yuzini to‘la qum bosdi,
tug‘ish payti qo‘rqinch o‘radi,
u tug‘ilgach, ko‘ngullar o‘sdi...

Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:49:57
Xalq og‘zida mana shunaqa gaplar yurar ekan.
— Qo‘rqut ota Sirdaryo sohilida, Qizil O’rda viloyatida, qozoq tuprog‘ida tug‘ilgan, — dedim men o‘sha shoirga.
— To‘g‘ri aytasan, qardosh! «O’g‘uznoma» bizning umumiy badiiy merosimizdir, Qo‘rqut ota esa hammamizning bobomiz bo‘ladi, — dedi qalamkash do‘stim.

«O’g‘uz-qipchoq zamonida yashagan Qo‘rqut ota Qorako‘zning o‘g‘li erdi. Uning onasi Qipchoqning qizi erdi», deb yozadi Abulg‘oziy Bahodirxon o‘zining asarida. So‘ng shajarasini bayon qiladi. «Qo‘rqut tug‘iladigan kun qattiq shamol turdi, sharillab yomg‘ir yog‘di, chaqmoq chaqnadi, atrofni qorong‘ulik qopladi, tuman tushdi», deb qayd qilinadi. Bu guvohnomani akademik Alkey Marg‘ilon ham tasdiqlaydi: «Qo‘rqutning onasi to‘lg‘oq azobida qiynalayotgan paytlari tabiatning o‘zi ham azob chekadi. Qoratog‘ni qop-qora rutubat qoplaydi. Keyinchalik xalq o‘sha kunni «Qora osmon» deb eslab yuradi. Xalq vahimaga tushib qoladi va o‘sha kuni dunyoga kelgan go‘dakni Qo‘rqut deb nomlaydi», deb talqin qiladi Marg‘ilon.

«Qo‘rqut» — qo‘rqitmoq degan ma’noni anglatadi.
V. M. Jirmunskiy o‘z tadqiqotlarida yozishicha, Qo‘rqut ota benazir sozanda va shoir edi. Unga bas keladigani yo‘q edi. Ayrim ma’lumotlarda aytiladiki, Qo‘rqut ota Inalxon, Doyilxon, Ko‘lerki, Tumanxon, Qonliko‘zlar huzurida o‘ng qo‘l vazir, maslahatchi lavozimlarida ishlagan ekan. O’zi ham mashhur siyosatdon bo‘lgan.

Afsonalarda aytilishicha, Qo‘rqut ota go‘yo qozoqlarning milliy cholg‘u asbobi bo‘lmish qo‘bizni o‘z qo‘llari bilan yasagan emish. Xalq Qo‘rqut otaga nisbatan beradigan ko‘plab kuy-qo‘shiqlar bizgacha yetib kelgan. Xususan, «Arslonbobo», «Oqquv», «Kilem jaygan», «Ayupboy», «Jelmayan», «Yelimoy», «Targ‘il tana» kabi kuylar shular jumlasidandir. Bu kuylar aynan qo‘biz bilan ijro etiladi. Bundan tashqari, o‘sha kuylar asosida aytiladigan bir qator qo‘shiqlar ham bor.

Aytmatov. Qo‘rqut ota o‘zining tez chopadigan Jelmayan laqabli tuyasiga minib, o‘limdan qutilib ketmoqchi bo‘ladi. Lekin qayoqqa bormasin, go‘rkovlar hozirlab qo‘ygan o‘z mozoriga duch kelaveradi. «Qayoqqa bormaylik, Qo‘rqut ota mozoriga duch kelamiz», degan ibora o‘shandan qolgan.


Shoxonov. Shu munosabat bilan qiziq bir faraz to‘g‘risida gapirib bermoqchiman. Qadimgi zamonlar mavzusida tarixchi Qo‘yshig‘ar Solg‘arin to‘rtta kitob yozgan. «Ko‘mma» nomli roman-essesida taxmin qiladiki, Qo‘rqut ota bilan To‘nyuquq aslida bitta odam bo‘lgan. Ular haqda xitoy solnomalarida ham eslatib o‘tilgan. Muallif o‘z taxminini asoslash uchun maxsus bo‘limda dalil keltiradi. Bunday dalil farazni ilgari hech kim olga surmagandi. Darhaqiqat, bu ikki buyuk ko‘chmanchi insonning hayoti taqqoslab ko‘rilsa, ko‘p jihatdan o‘xshashligi ma’lum bo‘ladi. Ular xizmat qilgan xonlarning ismlari ham bir-biriga o‘xshaydi. Bolalarining soni ham, qiliqlari ham, hatto xonlar bilan qilgan munozaralarining shart-sharoiti ham uyqash. Ular o‘rtasidagi birdan-bir farq shundan iboratki, Qo‘rqut ota Sirdaryo sohilida, To‘nyuquq esa Mo‘g‘ilistonda vafot etadilar. Lekin, ilmiy nuqtai nazardan bu holni ham tushuntirib berish mumkin. Aslida ham Qo‘rqut ota dafn qilingan bir nechta mozor bor. Axir, u hamma mozorda yotmagan bo‘lsa kerak. Bu bo‘lmag‘ur gap. Xo‘sh, Qo‘rqut otaning haqiqiy qabri qaerda? Darbanddami? Turkiyadami? Yoki Sirdaryodami? Balki, Mo‘g‘ilistondadir?... Hozirgacha hech kim bu masala bilan jiddiy shug‘ullangan emas.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:52:26
Aytmatov. Boybarsning kotibi Muhiyiddin ibn Abu az-Zokir o‘zining «Sulton Boybarsning hayotnomasi» nomli kitobida: «U nihoyatda dono davlat rahbari edi. To‘g‘ri, ungacha ham, undan keyin ham yuz yildan ortiqroq davom etgan qo‘zg‘olon bo‘ladi. Lekin, Boybars hukmdorlik qilgan davrda Misr va Suriyada tartib o‘rnatiladi. Shaxsan uning o‘zi dehqonchilikka, savdo-sotiq erkinligiga alohida e’tibor bergani tufayli xalqning ahvoli tubdan yaxshilandi. U harbiy sohada ham buyuk zafar qozonadi. «Ulug‘ salib yurishi»ni Boybars to‘xtatib qoladi, xochparastlarni yakson qilib tashlaydi. U mo‘g‘illar bosqinini daf etdi. Misrni bosqindan asrab qoldi. Lekin, mo‘g‘illar Bog‘dodni xonavayron qildilar. Boybars esa ularning qo‘shinini tor-mor etib, haydab yubordi», deb yozadi. Muhiyiddin 1223—1292 yillarda yashagan.

O’n yasharlik paytida qul bo‘lib qolgan bola ilgari arablar to‘g‘risida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmasa-da, ammo arablarning qudratli davlatlaridan biriga hukmdor bo‘ladi. Qanday qilib bunga erishadi? Jumboq mana shu yerda. Asosiy masala shunda!

Shoxonov. Hukmdor bo‘lgandan keyin ham Boybars arab tilini bilmasdi. Qozog‘iston sovet qomusida yana bunday deyiladi: «Boybars umrining oxirigacha o‘zining ona tilida gapiradi. Misrlik arablar bilan ham yoki elchi sifatida boshqa mamlakatlardan kelgan arablar bilan ham tarjimon orqali gaplashardi».

Frantsiya qiroli qo‘shiniga qarshi bo‘lgan jangda Boybars ilk bor jasorat ko‘rsatadi. U qora tanli jangchilar safini yorib chiqib olga tashlanadiyu g‘alabani ta’minlaydi. Keyin u qoravulboshi bo‘ladi. Saroyda ham, shaharda ham qattiq tartib-intizom o‘rnatadi. Barcha o‘g‘rilar, tovlamachilar hibsga olinadi; hatto hukmdorning ishonchini qozonib olgan Xuan ismli josus fosh qilinadi. Saroy ichidagi fitnalardan omon-eson o‘tib, bosh qo‘mondon etib tayinlanadi. U qullikdan ozod qilingach, qipchoq urug‘idan bo‘lgan Tojbaxt ismli qizga uylanadi. Shu xotini Said va Ahmad ismli egizak o‘g‘il tug‘ib beradi.

Taxtga o‘tirgach, Boybars o‘zining shaxsiy muhrini tayyorlatadi. Sulton sifatida ilk bora muhr bosgan birinchi maktubini Oltin O’rda xoni Berka nomiga yo‘llaydi. Bu maktub vatan sog‘inchi bilan sug‘orilgandi. Umrining oxirigacha sulton armonda o‘tib ketadi. Solnomachilar shunday deb yozib qoldirganlar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:54:42
Aytmatov. Boybars arablarning hukmdori bo‘lgach, Kichik Osiyoni, Armanistonni,  Barbaristonni o‘ziga bo‘ysundiradi. Davlatiga xavf solib turgan franklarning bir nechta qo‘rg‘onlarini yakson qiladi. Bu yillar arab xalqining ko‘tarilish davri bo‘ladi. U paytgacha arablar dushmanlari tomonidan xiyla kamsitilardi.

Shoxonov. To‘g‘ri. Boybarsning Berkaxonga jo‘natgan ilk maktubi 1261 yili egasiga yetib boradi. Keyinchalik mamluklar sultoni Oltin O’rdaga Vizantiya orqali o‘z elchilarini yuboradi.

Hayot paytidayoq afsonaga aylanib ketgan Boybars o‘zining vaziri Qalovun tomonidan zaharlanib o‘ldiriladi. U tarvuz tilimiga zahar surtib qo‘ygandi. Bu ayanchli hodisa 1277 yilda sodir bo‘ladi.

Aytmatov. Aftidan, bu yolg‘onchi dunyodagi barcha sa’y-harakatlar zoe ketajagini so‘nggi damlarida anglab yetgan Boybars o‘limi oldidan: «O’zga yurtlarda sulton bo‘lgandan ko‘ra, o‘z yurtingda ulton (nag‘al) bo‘lganing afzal», deydi. Keyinchalik Boybarsning so‘zlari xalq o‘rtasida maqolga aylanib ketadi.

Shoxonov. Chike, ko‘pchilik o‘z vaqtida shu yo‘lni bosib o‘tadi, Boybars taqdirini takrorlaydi: dushman bosqinidan qochib, o‘zga yurtlarga — Afrikaga, Arabistonga, Kichik Osiyoga, Yevropaga bosh olib ketadilar. Turkiy xalqlarning o‘sha o‘g‘lonlari goh qipchoqlar, goh mamluklar deb ataladi. Misr sultonining shaxsiy soqchilari bo‘lgan mamluklar 1250 yilda qo‘zg‘olon ko‘taradilar va O’rta Osiyodan borgan Uboqni Misr taxtiga o‘tqazib qo‘yadilar.

Aytmatov. Mamluklar Misrni uzoq vaqt boshqaradilar. Ularning sulolasi faqat XIX asrning boshlarida Misrga Napoleon bostirib kirgandan so‘ng barbod etiladi. Boylikka, hashamga berilib ketgan mamluk biylari dushmanga qarshilik ko‘rsatishga ojizlik qiladilar — Napoleon Misrni ishg‘ol etadi. Imperator Murod biyni nomiga sulton qilib tayinlaydi-yu, lekin Misrning haqiqiy hukmdori general Kleber bo‘lib qoladi.

Bir-birini jinidan battar yomon ko‘radigan mamlukar sultoni bilan frantsuz generali oxir oqibat bir-birini mahv etib yuboradilar. Napoleon esa mamluklarning harbiy qobiliyatiga, jasoratiga qoyil qoladi va ulardan iborat maxsus gvardiya tuzadi. Bu gvardiya imperatorni qo‘riqlab yuradi. Shunday qilib, Napoleon qo‘shinida mamluk chavandozlarining eskadroni paydo bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:56:16
Shoxonov. Ilk bora chop etilgan vaqtida juda katta shov-shuvlarga sababchi bulgan «Az i Ya» nomli kitobida buyuk shoir O’ljas Sulaymonov qiziq bir voqeani shunday bayon qiladi: «Eng oxirida ular qanchalik azob tortganini ham, korsikalikning tillo burgut ostidagi so‘nggi damlarini o‘zim ko‘rganman.

Moskva yaqinidagi olmazorga qaytib borayotgandim. Setun tepaliklarida joylashgan Kuntsevo bilan Filining chang ko‘chalaridan o‘tib borardim. Setun kentining zerikarli kunlaridan birida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea sodir bo‘ldi. Bir zamonlar Napoleon Moskvaga o‘tgan yo‘ldan sal narida yer kavlayotgan ishchilar qorayib ketgan uchta tobut topib oladilar-da nishablikka terib qo‘yadilar. Vaqt o‘tishi bilan qorayib, chiriy boshlagan tobutlarning qopqoqlarini ochadilar: Setun ahli xuddi miltiq quvuridek tik yotgan yap-yangi mundirli marhumlarni ko‘radilar.
Qup-quruq qum marhumlar tanasini juda yaxshi saqlagandi, ularning og‘izlaridan oppoq tishlari ko‘rinib turardi. Marhum gvardiyachilarning tovonlari bir-birlaridan xiyol ajratilib, bosh barmoqlari bir-biriga tegib turardi. Xuddi safda ketayotgan odamlarning oyoqlariga o‘xshardi. Suvoriylarning etiklari ostidagi tepki sal bukib qo‘yilgan. Chamasi, tobut qopqog‘ining yopilishiga xalaqit bergan ko‘rinadi. Aftidan, to‘piqqa qadar tushadigan shim uchidagi halqa ip o‘sha tepki ostidan o‘tkazilardi.
Qorayib ketgan qiyofalarda xotirjam kulgi alomati muhrlanib qolgandi. Yuzga to‘kilib qolgan kipriklar, qoshlar kulgu alomatini xiralashtirib turardi. Marhumlarning ko‘zlari  qisiq, yonoqlari  yapaloqroq edi.

Kiyim-kechaklariga qaraganda, bular mamluklar otryadining askarlari edi. Napoleon Poklon tepaligiga chiqayotgan paytda ular atrofini o‘rab yurishardi.

Mamluklar tepalik poyida o‘z avlodining g‘aroyib hayotiga yakun yasaydilar. Narigi tomonda Moskva joylashgan.
G’ir-g‘ir esayotgan iliq shamol mundir qoldiqlarini xuddi bulturgi yaproqlar kabi o‘ynay boshladi. Yer qazib yurgan ishchilar, uchuvchilar, haydovchilar tobutlar yonidan o‘tib ketayotib, marhumlarni qiziqib tomosha qilishardi. Bu yerda hozir bo‘lgan muzey xodimi diqqatimni boshqalardan kura xiyla bashang kiyingan, bo‘ychangina bitta marhumga qaratdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:57:08
Marhumning qop-qora barmog‘ida qipchoqlarning tamg‘asi tushirilgan enlik, ko‘kimtir uzuk bor edi. Balki, bu uzukni O’tror ko‘chalaridagi do‘konlarida qovoqlarini osiltirib o‘tiradigan qadimiy ustalar yasagandir. Afsuski, o‘sha shaharning o‘zidan faqat g‘isht siniqlariyu go‘zal afsonalar qolgan, xolos.

O’lmas xalqning bu uzugi sahrolardan, mojor cho‘llaridan, Genuya tog‘laridan, Misr ehromlaridan, Venetsiyaning namchil toshlaridan o‘tib, nihoyat, Setun kentining qop-qora tuprog‘iga ko‘milguncha necha-necha baquvvat, sariq barmoqlarga taqilgan ekan?!»

Aytmatov. Totalitarizm davrida ham tarixiy tadqiqot bilan mashg‘ul bo‘lib, dard-alam bilan qalam tebratgan va qadimiy bobolarining jasadlari topilganiga shaxsan guvoh bo‘lgan O’ljasga har qancha ofarin aytsak arziydi. Axir, Bobur, Ulug‘bek kabi buyuk tarixiy shaxslar, hukmdorlar to‘g‘risida ham zamondoshlarimizga qiziqarli voqealarni so‘ylab berishimiz mumkin-ku!

Shoir, tarixchi, faylasuf Boburshoh Hindistonda Buyuk mug‘illar saltanatiga asos soladi. U ilgari O’sh, Andijon viloyatining hokimi bo‘lgan edi. Amir Temur kabi Bobur ham Afg‘onistonda, Hindistonda buyuk g‘alabalarni qo‘lga kiritadi. Darvoqe, u o‘n bir yasharlik paytida otasidan ayriladi. Uning keyingi faoliyatlari noyob iste’dod sohibi bo‘lganidan darak beradi.

O’rta asrlarni tadqiq etgan tarixchilar, yozuvchilar shoh Boburning jasorati to‘g‘risida ko‘pgina kitoblar yaratganlar. Shohning o‘zi yozgan «Boburnoma» esa dunyoning bir nechta tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunimizgacha o‘zining tarixiy qimmatini yuqotgan emas.
Shoxonov. O’sh viloyatidagi Sulaymon tog‘ida hozir ham Bobur qurdirgan uy saqlanib turibdi. O’sha yer aynan Bobur bino qilgan uy tufayli afsonalardan joy olgan. Muborak go‘shalarni ziyorat qilib, ilmga, poklikka tashna bo‘lgan kishilar o‘sha uyga albatta boradilar. U yerda qori shirali tovushda Qur’oni karim oyatlarini qiroat qiladi va o‘tgan-ketganlar, Boburshoh to‘g‘risida ajoyib hikoyalarni so‘ylab beradi. Boburiylar avlolilan bo‘lgan Pokistonning sobiq Bosh vaziri Benazir Bxutto Qirg‘izistonga rasmiy tashrif bilan kelgan chog‘ida o‘sha uyni ziyorat qildi; buyuk bobosi yashagan yurtga, uning ruhiga oyatlar o‘qib, farzandlik burchini ado etdi.
Amir Temurni butun dunyo buyuk sarkarda sifatida juda yaxshi biladi. Uning nabirasi Ulug‘bek esa bobosidan farqli o‘laroq, ilm-fanga, madaniyatga ko‘proq e’tibor beradi va shu jihati bilan mashhur bo‘ladi. Samarqand, Buxoro kabi o‘lmas shaharlar tarkibida bo‘lgan Movarounnahr saltanatini u o‘ttiz yetti yil boshqaradi; mamlakatni qon to‘kmasdan kengaytirib boradi. Qo‘shni mamlakatlarda urush-janjal bo‘lib, xalqlar bir-birining qonini to‘kayotgan bir paytda (zamon shunaqa edi) Mirzo Ulug‘bek Samarqandda rasadxona barpo etib, osmondagi yudduzlar sirini o‘rganadi, ko‘plab ilmiy asarlar yaratadi. Ulug‘bekning ulug‘ligi ham mana shunda.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:58:04
Aytmatov. Ulug‘bek Xitoydan Vizantiyagacha, Erondan Usmonlilar saltanatigacha bo‘lgan mamlakatlardan — butun dunyodan olimlarni o‘z bag‘riga chorlaydi, ularga homiylik qiladi. Olimlar esa riyoziyot, handasa, tabiatshunoslik kabi aniq fanlar sohasidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashadilar, samarali ilmiy izlanishlar olib boradilar. Ulug‘bek, ayniqsa, san’at va adabiyotga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. U hukmdor bo‘lgan davrda madaniyatning mana shu sohalari gullab-yashnaydi. Faqat birgina «Ziji Ko‘ragoniy» asarining o‘zi uning nomi asrlar davomida avlodlar xotirasida yashashi uchun yetarli. Afsuski, o‘sha davrda turkiylar madaniyati va ilm-fanining boshida turgan Ulug‘bek ellik besh yoshida qatl qilinadi.
Endi suhbatimiz muqaddimasida tilga olingan mavzuga qaytamiz. Agar dastlabki yuz yilliklarda odamlar dunyoni tanib, yangi ufqlar kashf etib yashagan bo‘lsalar, o‘rta asrlarga kelib ular bir-birlari bilan qaqshatgich urush olib bordilar — dunyoni talashdilar. Keyingi yuz yilliklarda esa jahon aholisi o‘z tarixiga, o‘zlarining qadimiy yerlariga qaytdilar va o‘z chegarasidan chiqmay yashay boshladilar. Ajablanarli joyi shundaki, bir zamonlar dunyoni zir titratgan inglizlar, frantsuzlar, ispanlar, arablar, mo‘g‘illar, arab xalifatining musulmon qabilalari, Usmonlilar saltanati yuz yillar mobaynida o‘zgalar yurtida xo‘jayinlik qilgan bo‘lsalar-da, boshqa xalqlarning mustamlakachilik zulmi ostida saqlab kelgan bo‘lsalar-da, ammo oxir-oqibat o‘zlarining azaliy vatanlariga qaytishga majbur bo‘ladilar. Shu bilan dunyoni qayta taqsimlash davri poyoniga yetadi. Go‘yo hayotning o‘zi o‘sha saboqlardan keyin yana bir bora tasdiqlaydiki, qaysidir mamlakatni butunlay zabt etib bo‘lmaydi. Bu yo‘lda qancha qon to‘kilmasin, qancha urush olib borilmasin baribir mustamlakachilikning oxiri voy bo‘ladi.

Biroq, dunyoda boya gaplarning teskarisini tasdiqlaydigan misollar ham bor. Masalan, Kolumb Amerikani kashf etgan paytda u yerlarda o‘n ikki million nafar hindular istiqomat qilardi. Hozir esa tubjoy aholi batamom yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. Qozoqlar bilan qirg‘izlar keyingi yuz yillikda, hatto keyingi o‘n yilliklarda juda ko‘p musibatlarni boshidan kechirdilar. Ammo, Jungariya davlatining boshiga tushgan kulfat yanada ayanchlidir: ular Rossiya bylan Xitoyga chegaradosh bo‘lgani bois doimo qo‘shnilari bilan urush olib borishga majbur bo‘lib, keyingi ikki yuz yil ichida yer yuzasidan butunlay yo‘qolib ketishiga ozgina qoldi. Bu o‘rinda o‘ylab ko‘rsa, mushohada yuritilsa arziydigan katta gaplar bor. Chunki, bunday voqealar zamirida qandaydir buyuk sir bor yoki hali hech kim oxiriga yetmagan jiddiy sabab bor. Hindular to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, ular yagona xalq sifatida birlasha olmagani, qabilalarga bo‘linib, tarqoqlashib ketgani tufayli musibatga uchraydilar. Ular ichki ixtilofni bartaraf etishga ojizlik qiladilar va bosqinchilarning shafqatsiz zarbalariga duchor bo‘ladilar. Mayda-chuyda dohiychalarning dunyoqarashi yaroqsiz bo‘lib qoladi, boz ustiga, nihoyatda jizzakilik qilishib, bor haqiqatni tan olishni aslo istamaydilar: hamma bilan faqat qurol vositasida «gaplashmoqchi» bo‘ladilar. Natijada hindular qaqshatgich mag‘lubiyatga uchraydilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 16:59:32
Shoxonov. Biz turkiy xalqlar tarixining diqqatga sazovor o‘rinlari to‘g‘risida mulohaza yuritdik. Shuningdek, ularning kelib chiqishiga doir ayrim masalalarga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdik.

Endi bevosita qozoqlar va qirg‘izlar tarixi to‘g‘risidagi masalalar to‘g‘risida suhbatlashsak demoqchiman. Bir-biriga qardosh bo‘lgan ikki xalq haqida gaplashaylik. Masalan, I.Bichurin yilnomasiga ko‘ra, Bolosog‘undan Belak tug‘iladi, Belakdan Kultaka qog‘oon, Kultaka qog‘oondan Xakas tug‘iladi. Xakasning ikki o‘g‘li bo‘ladi: Alashxon bilan Talasxon. Alash qozoqlarni boshqaradi, Talas esa qirg‘izlarga bosh bo‘ladi.

Aytmatov. Ko‘p jihatlari umumiy bo‘lgan qozoqlar bilan qirg‘izlarning tarixi asosan keyingi paytlarda yozilgan. Ko‘p qismi qog‘ozga emas, balki toshga yozilgan. Kultegin va To‘nyuquq to‘g‘risidagi Urxun-Yenisoy bitiktoshlari — bu xalqlarning qadimiyligini ko‘rsatadigan yorqin dalil hisoblanadi. Afsusqi, ko‘plab yozuvlar yo‘qolib ketgan. Birtalay bitiktoshlar esa tadqiqot ishlari bahonasida xorijiy mamlakatlarga olib chiqib ketilgan. Hozir muzeylarda turibdi. Sankt-Peterburgda, Angliyada, Olmoniyada qadimiy turklarning bitiktoshlari bor.

Shoxonov. Ermitajga kirgan paytim u yerda Semipalatinsk viloyatidan olib borilgan, shuningdek, Mang‘ishloq sahrolaridan olib ketilgan toshlarga o‘yib yozilgan balbal yozuvlarini ko‘rganman.
Aytmatov. Amir Temurning toshga yozilgan karomat so‘zlari ham Ermitajda saqlanmoqda.

Shoxonov. O’tgan yillar davomida har tomonlarga tarqatib yuborilgan merosimizni to‘playdigan, yo‘qolganlarini qidirib topadigan payt keldi. Tarix — bu vaqt va bo‘lib o‘tgan voqealarning uzviyligidir. Tarixning egasi — xalq. Shu bois tarixiy voqealarga hozirgi kun nuqtai nazaridan baho berishimiz, zamonaviy nuqtai nazardan kelib chiqqan holda hukm chiqarmog‘imiz lozim. Ayni chog‘da har bir hodisaga o‘sha davr nuqtai nazaridan qaramog‘imiz, o‘tgan davrlar izidan yurmog‘imiz darkor. Shundagina ko‘zlangan maqsadga erishamiz, tarixni to‘g‘ri baholay olamiz.

Men aytmoqchi bo‘lgan birinchi gapim shuki, «qirg‘izlar bilan qozoqlar qondosh bo‘lib ketganlar». Bu iborani hamma biladi. Bu iborani o‘zimiz o‘ylab topganimiz yo‘q. Qanchalik og‘ir zamonlar kelmasin, odamlar nechog‘lik og‘ir hayot kechirmasinlar, lekin qozoqlar ham, qirg‘izlar ham birlik va do‘stlik to‘g‘risida bobolarimizdan qolgan vasiyatga og‘ishmay amal qiladilar. Shunda xalqlarimiz qiyinchiliklarni hamkorlikda nisbatan osonroq yengib o‘tadilar. Biroq, har bir xalq orasida har qanday narsani shubha ostiga oladigan «arboblar» topilib turadi. Ular: «Ey, qozoqlar bilan qirg‘izlar qaysi asrda bitta ota-onadan tug‘ilgan ekan? Ularning kindigini kesayotganda kim bor ekan? Bittasi Yenisey sohillarida yashagan bo‘lsa, boshqasi Sirdaryo bo‘ylarida ko‘chmanchilik qilib yurgan bo‘lsa, Oltoydan O’tror tomon qo‘ylarini haydab, u yoqdan-bu yoqqa kelib-ketib yurgan bo‘lsa?! Qadimiy tarix nima deydi? Isboting bormi?» deyishadi. Shu bilan xalqlarimiz o‘rtasiga ayirmachilik urug‘ini sepmoqchi bo‘ladilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:01:21
Aytmatov. Bizning do‘stlashib ketishimizni istamaydigan kimsalar ham topilib qoladi. Eramizdan avvalgi III asrda, xunlar zamonidayoq qirg‘izlarning qadimiy ota-bobolari O’rta Osiyoga kelib o‘rnashganlar. Ular Yenisey sohillariga keyinroq ko‘chib boradilar.

Shoxonov. Sizning «Oq kema» qissangizda ajoyib afsona bor: dushman ta’qibidan qochayotgan qirg‘iz yigit bilan qiz shoxdor bug‘uga mingashib, Yenisoy sohillaridan Olatov taraflarga ketadilar. Bu afsona zamirida juda katta tarixiy haqiqat yashirin. Kechirasiz-u, qirg‘izlar ne sababdan Sibirga ko‘chib ketadilar?

Aytmatov. O’z xalqining farzandi bo‘lgan har bir inson o‘zining tarixini bilmog‘i shart. Turkiy xalqlar tarixini ham bilmoq zarur. Masalan, qirg‘izlarniki kabi davlat, til tarixini bilish lozim. Otalaring kim edi, bobolaring kimlar edi — ularni albatta yodda saqlash kerak. Tog‘laru sahrolar tarixini besh qo‘lday bilish darkor. Suvoriylarning otlari tuyog‘idan eshitilayotgan dupurlash, havoga ko‘tarilayotgan asriy chang-to‘zon bizni olis asrlarga olib ketadi. Qadimiy tarixning sarg‘aygan sahifalari o‘quvchini zamonlardan zamonlarga olib o‘taveradi. Xitoy va arablarning, fors va ruslarning, olmon va inglizlarning yilnomalarida ko‘plab boshqa xalqlar qatorida «qirg‘iz» degan nom ham uchrab qoladi. Bu xalq o‘tmishda ko‘p narsasidan mahrum bo‘lgan, ehtimol, faqat Xudoning inoyati tufayli butun saqlanib qoladi. Biz tarixda boshiga oq qalpoq kiyib yuradigan xalq sifatida ma’lum bo‘lganmiz.

Shoxonov. Sizlarni yunonlar «xerkis», «xergis» deb, arablar bilan forslar esa «kergis», «girgis», «xirxir» deb, xitoylar bo‘lsa «gyangun», «gegun», «tsigu», «kigu» deb ataganlar. Bularning barchasi bitta xalqning nomlaridir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:02:17
Aytmatov. Ha. Biz yon qo‘shnimiz xitoyliklar bilan goh do‘st, goh dushman bo‘lib yurganmiz. Lekin aynan Xitoy manbalarida ilk bor «qirg‘iz» degan nom uchraydi. Ularning solnomasida qayd qilinishicha, Olatovning sharqiy qismida, Boro-Xoro cho‘qqisiga yondosh o‘lkalarda qirg‘iz degan xalq yashaydi, elat sifatida shakllanib ulgurgan.

«Eramizdan avvalgi 2001 yili O’g‘uzxon o‘rdasini g‘arb tomonga ko‘chiradi, yo‘lda qirg‘izlarga duch keladi va ularni yanchib tashlaydi», deb yozilgan o‘sha solnomada.

Shu manbaning guvohlik berishicha, turkiy xalqlar o‘rtasida qirg‘iz degan nom ilk bora uchraydi. U paytlar hali boshqa turkiy xalqlarning nomlari yo‘q edi. Demak, qirg‘iz elati eramizdan avvalgi ikkinchi ming yillikda ham O’rta Osiyoda istiqomat qilardi. Biroq, mana shunday qiziq xulosaga kelasan-u, bunga qarama-qarshi bo‘lgan savol tug‘iladi. Eramizdan avvalgi birinchi ming yilliqda qirg‘izlar Yenisoy sohillarida, hozirgi Minusinsk hududida yashardilar. U yerlarga qayoqdan borib qoladi? O’sha «minusinsk qirg‘izlari» ham O’rta Osiyodagi qirg‘izlarning avlodi hisoblanadimi? Yoki ular butunlay boshqa xalqmi?

Bu masala bir necha asrdan beri hal etilmayapti, olimlarni doim boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yyapti. Fors olimi G’ardiziy yenisoylik qirg‘izlar to‘g‘risida: «Bu qirg‘izlar xuddi hindlar kabi o‘lgan odamlarning jasadini kuydirib yuboradilar. Ularning tushunchasi va e’tiqodi bo‘yicha, olov eng toza, pokiza unsur hisoblanadi. Olovga shayton ham, arvoh ham yaqin yo‘lamaydi. Agar marhum yoqib yuborilsa, u barcha gunohlardan forig‘ bo‘ladi», deb yozadi. Xitoy muarrixlarining e’tirof etishlaricha, «eniseylik qirg‘izlar sariq sochli, ko‘k ko‘zli bo‘ladilar». Ular shunday ta’rif beradilar.
Aftidan, qirg‘izlar O’rta Osiyoda millat sifatida shakllanadi. Ular qadimiy xunlarning bitta shoxi bo‘lgan, keyinchalik esa kelib chiqishi yevropalik hisoblangan din-lin xalqi bilan aralashib ketadi. Din-linlar temir qazib olishni bilardilar, qirg‘izlar esa temirdan qurol-yaroq, har xil taqinchoqlar yasashga usta bo‘ladilar.

«Slavyanlar bilan chatishib ketgan qirg‘izlar orasida malla, sariq sochli kishilar hozirgacha uchrab turadi», deb yozadi o‘rta asrlarda biz tomonlarga tashrif buyurgan arab sayyohi Al-Idrisiy.

To‘nyuquq bitiktoshida: «Cho‘llik Az yigitini topdim... Ani daryosi bilan borgan o‘sha yerda yotib, bir otlig‘ yo‘l yurilib boradi, dedi... Lashkarni yo‘lga soldim. Ot ustida qorni yorib bordim... Yerchi er yangilishib, bo‘g‘izlandi... Qirg‘izni uyquda bosdik... Qirg‘iz xalqi taslim bo‘ldi, ta’zim qildi» degan jumlalar bor. Qadim zamonlarda Az, Chin nomli elatlar hozirgi tuvaliklar yashayotgan yerlarda istiqomat qilganlar. Bilga qog‘oonning sarkardasi To‘nyuquq o‘sha ikki elatni mag‘lub etgach, Sayon dovonidan oshib o‘tib, Minusinsk vodiysiga to‘shadi va «qirg‘izni uyquda bosadi».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:03:32
Nima bo‘lganda ham qirg‘izlarning O’rta Osiyoda va Yenisey sohillarida yashagani tarixiy haqiqat. Mening nazarimda, O’rta Osiyo qirg‘izlari nima sababdan Yenisoy bo‘ylariga ko‘chib ketgani, o‘sha paytlari ular kimlar bilan urushgani, keyin nima sababdan qaytib kelishga majbur bo‘lgani yoki o‘z xohishlariga ko‘ra qadrdon Olatovga qaytganlarini aniqlash hozir muhim emas. Axir, buyuk ko‘chish davrida saklar ham, xunlar ham Rim va Vizantiya devorlarining ostiga borib qolmaganlarmi? Axir, Karpat tog‘larida ham, Azov dengizi bo‘ylarida ham o‘shalar yashamaganmi? Qotanxon hukmdor bo‘lgan davrdagi qipchoqlar mo‘g‘illarga qarshi kurashadilar, lekin ulardan yengilib, qadim tuproqlaridan siqib chiqariladi. Keyin ular hozirgi Vengriya (Mojoriston) zaminiga borib qoladilar. O’n asr muqaddam Turon davlati tarkibida bo‘lgan turklar Marmar dengizi bo‘ylariga ko‘chib ketadilar va u yerda buyuk Usmonlilar saltanatiga asos soladilar. Turkiy xalqlarning bitta urug‘i bo‘lmish gagauzlar hozirgi Moldova respublikasining hududida, qadimiy bobolarining yurtidan nihoyatda olisda yashab yuribdilar. Biz nima uchun ug‘ro-fin xalqlari Dashti Qipchoqda yashaganini unutishimiz kerak? Manasning otasi Jaqip o‘n asr muqaddam Olatovdan Oltoyga ko‘chib ketadi va oradan juda ko‘p vaqtlar o‘tgandan keyingina qarindosh-urug‘lari yashayotgan yurtga qaytib keladi. «Manas» dostonining jo‘g‘rofiy syujet yo‘nalishi aynan qirg‘iz xalqining Sibirdan Olatov quchog‘iga qaytib kelishi bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, sovetlar davrida turkman urug‘larining juda katta qismi Amudaryo bo‘ylariga ko‘chirib keltiriladi va o‘sha yerga muqimlashib qoladilar.

Taqdir taqozosiga ko‘ra, bitta xalq o‘z yurtini tark etsa va oradan bir necha asr o‘tgach, yana o‘z yurtiga qaytib kelsa, bu o‘sha xalqmi yoki boshqasimi, deb bahslashib o‘tirishdan nima foyda bor?! Albatta, kelajakda qirg‘izlar nima uchun Yenisoy bo‘ylariga ko‘chib ketgani, buning asil sabablari nimalar ekani, qaysi asrda Olatovga qaytib kelishgani aniqlansa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Hozir bizga kunday ravshanki, eramizning VI—VII asrlarida qirg‘izlar O’rta Osiyoda yashaganlar va Turfon vodiysiga qadar borganlar; keyin ular Tuvada, Sayon dovoni ortida yashaganlar, Yenisoy bo‘ylariga makon qurganlar. Shunday qilib, g‘arbdan sharqqa ko‘chib yurganlar. Axir, ular Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan G’arb davlatlarini bog‘lab turgan Buyuk Ipak yo‘lida ro‘y bergan barcha tarixiy voqealarning faol ishtirokchilari bo‘lganlar.
«Qirg‘izlar o‘zlarining yo‘lboshchisini ajo deb ataydilar. Ajo tillo toj kiyib yuradi, taxtda o‘tiradi. Ularning shahar-qo‘rg‘onlari Yenisoy bo‘ylarida joylashgan. Shahar yaxshi himoya qilinadi», deb yozadi Al-Idrisiy o‘zining sayohatnomasida.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:05:00
Shoxonov. Ehtimol. Xalq, millat bir-biridan ajralmaydigan uchta majburiy unsurdan tashkil topadi: yer, til, madaniyat. Bular avloddan avlodga meros bo‘lib qoladigan mangu qadriyatlardir. Xudoga shukrkim, qirg‘izlar bilan qozoqlar o‘z nomlariga ega bo‘ldilar va dunyo xaritasidan munosib o‘rin oldilar. Hozir biz qadimiy tilimizni o‘rganyapmiz, ko‘chmanchilik davridagi madaniyatimizni tiklayapmiz. Agar jahon hamjamiyatiga a’zo bo‘lgan har bir xalq o‘tmish bilan kelajak o‘rtasiga, o‘tmish bilan hozirgi zamon o‘rtasiga «oltin ko‘prik» qurmas ekan yoki o‘tmish ma’naviy merosini topib, ruhiy aloqa o‘rnatmas ekan va o‘tmish bilan bugungi kun o‘rtasida vorislik huquqini tiklamas ekan kelajak avlod oldida uyatli bo‘lib qoladilar, ularga aytadigan hech qanday gaplari qolmaydi.

Siz qirg‘iz xalqi to‘g‘risida so‘zlayotib ilmiy va shaxsiy tushunchalaringizni bayon etdingiz. Odamlar, xalqlar o‘zlarining shajarasi qachon va qaerdan boshlanganini; jo‘g‘rofiy nuqtai nazardan qaralsa, tarixiy vatan qaerda paydo bo‘lganini, tilni, madaniyatni, adabiyotni bilishlari kerak. Shunda yaxshi bo‘ladi.

Bir necha yil muqaddam Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo‘lib o‘tgan mening ijodiy kechamda shunday savol berdilar:
— Ruslar o‘zlarini rus deb atashlariga sabab ular qachonlardir Rus daryosining bo‘ylarida yashaganlar. Keyin olam bo‘ylab yoyilib ketadilar. «Qozoq» degan atamaning etimologik ma’nosi qanday bo‘ladi? Ma’nosi nima? Qaysi asrdan e’tiboran xalqingiz shunday nom bilan atalib kelyapti?

Nazarimda, bu savol faqat menga emas, bizning barcha tarixchilarimizga, olimlarimizga, adabiyotchilarimizga, xullas, ushbu muammoga aloqasi bo‘lgan barcha-barchamizga berilganday tuyuldi. Negaki, to shu bugunga qadar o‘sha savolga qisqa, lo‘nda javob topilgani yo‘q. Bu masala hal etilmagan.

Aytmatov. Ko‘pincha ko‘chmanchi xalqlar tarixida bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar afsonalarga, ertaklarga aylantirib yuboriladiki, rost bilan yolg‘onning farqiga borib bo‘lmay qoladi. Qaysi afsona yoki ertaqda «qozoq» atamasining kelib chiqishi to‘g‘risida gap ketadi?

Shoxonov. Xalq o‘rtasida Qalcha Qodir botir to‘g‘risidagi afsona juda keng tarqalgan. Qadim zamonlarda o‘z xalqining ozodligi yo‘lida kurashayotgan botir qonli to‘qnashuvlardan birida og‘ir yarador bo‘ladi va sahroning qoq markazida yayov qolib ketadi. Yonida boshini ko‘tarib qo‘yadigan birorta odam ham bo‘lmaydi; og‘zi qaqraydi, bir qultum suvga zor bo‘ladi. Endi dunyodan umidini uzib, o‘limiga rozi bo‘lib yotgan paytida birdan osmonda oqqush paydo bo‘ladiyu to‘g‘ri botirning ustiga qo‘nadi: chanqog‘ini qondiradi, o‘limdan asrab qoladi. So‘ng ko‘l bo‘yiga eltib qo‘yadi. Qush har xil giyohlarni to‘plab kelib, dori-darmonlar tayyorlaydi va botirning yarasini davolaydi. Nihoyatda holdan toygan botir bir kuni ertalab arang ko‘zlarini ochib, mundoq qarasa, yonginasida oppoqqina qiz turibdi ekan. Ma’lum bo‘lishicha, shu qiz ilgari jodulab qo‘yilgan bo‘lib, botir huzuriga oqqush qiyofasida uchib borgan edi. Shunday qilib, taqdir ularni qo‘shib qo‘yadi. Er-xotin bo‘ladilar. Ular o‘g‘il ko‘radilar. Farzandga Qozoq deb ism qo‘yiladi. Bu bola «oq qush»dan tug‘ilgani sababli uni onasining ismi bilan nomlaydilar: «qazaq». Qozoqdan uchta o‘g‘il tug‘iladi: Aqaris, Beqaris, Jonaris. Uch juz urug‘ining shajarasi ham o‘shalardan boshlanadi: Aqaris — ulug‘ juzning yo‘lboshchisi, Beqaris — o‘rta juzning yo‘lboshchisi, Jonaris — kichik juzning yo‘lboshchisi. Afsonada shunday deyilgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:06:40
Albatta, afsona faqat afsona, xolos. Biroq, qozoqlar orasida hozir ham «Qaz» degan urug‘ bor. Qozoqlar yaqin-yaqingacha Balxashni «Qaz ko‘li» deb atardilar. Ya’ni, «oqqush ko‘li» demakdir. Boz ustiga, o‘sha joyda ilgari «Qaz qal’asi» degan shahar bor edi. Ya’ni, «Oqqush shahri» demakdir. Hozir ham o‘sha shahar shunday nom bilan atalgan-ku!

Aftidan, xuddi shu sababli qozoqlar ham boshqa xalqlar kabi oqqushlarni xosiyatli jonivor deb bilishadi, uni ovlamaydilar, balki unga sig‘inadilar. Xalq tabiblari — baxshilar va shamanlar bosh kiyimlarini oqqush patlari bilan bezatardilar. Hozir ham odamlar yosh bolalarning kiyimlarini oqqush va g‘ozlarning patlari bilan bezatadilar.

Aytmatov. Yaqinda men buyuk Abayning asarlarini qayta o‘qib chiqdim. Unda qozoq va qirg‘iz xalqlarining kelib chiqishi to‘g‘risidagi juda qiziqarli va bebaho mushohadalarni uchratdim. Ulug‘ shoir bu atamalarni o‘ziga xos ravishda, esda qoladigan yo‘sinda talqin qiladi.
Arab xalifati o‘zining muzaffar yurishi davrida O’rta Osiyoga qadar yetib keladi va qozoq tuprog‘iga qadam qo‘yadilar. Arablar o‘zlarining badaviy ko‘chmanchilarini «xibay», «xuzagu» deb ataydilar. Ular ko‘chmanchi qozoqlarga duch kelgach, bular ham «xuzagu» — joydan joyga ko‘chib yuradigan, go‘yo qo‘nim bilmaydigan qush — g‘oz — oqqush, deb o‘ylaydilar. O’shandan keyin bu xalqning nomi «qozoq» atamasi sifatida muqim bo‘lib qoladi. Abay shunday deb yozgan.

Shoxonov. Umr bo‘yi tug‘ilgan yurtidan tashqariga chiqmasdan, asosan Chingiztog‘ etaklarida yashagan Abayning bu qadar teran bilimga, ilm-fanning turli sohalarini puxta etallaganiga kishi hayron qoladi. U xakaslar, qozoqlar, qirg‘izlar tarixini, shajarasini atroflicha tahlil etadi; qabilalar qachon, qaerdan ko‘chganini hikoya qiladi. Xitoy tarixiga ham maxsus to‘xtalib o‘tadi. Mana, bitta misol keltiraman.

«Sibirning sharqiy qismida islom diniga kirmagan bir nechta qozoq urug‘lari bor. Ular tili, urf-odati, tashqi, ko‘rinishlari bo‘yicha bizga qondosh bo‘ladilar. Shak-shubhasiz shunday. Xususan, Yenisoy o‘lkasining Minusk kentida bitta xalq bor. Ular o‘zlarini «yasashin tatarlari» deb ataydilar. Qozoqlarni ular qondoshimiz deb biladilar. Ular bilan uchrashgan har qanday odam bu gapda jon borligiga ishonadi».
Abay Yenisoy bo‘ylarida yashaydigan xalq to‘g‘risida gapirganda hozir ham o‘sha joylarda istiqomat qilayotgan xakaslarni ham nazarda tutadi. Ular bizga qondosh, lekin boshqa dinga e’tiqod qo‘yganlar. Keyin o‘z mulohazalarini davom ettiradi: «Birorta qozoq yoki qirg‘iz hech qachon qirg‘iz bilan qozoq qondosh xalq ekanini inkor etolmaydi. Qirg‘izlarni xitoyliklar «burutlar» deb ataydilar. Xo‘sh, nima uchun «burutlar» deb ataydilar? Ehtimol, «hech narsani ko‘rmagan, hech narsani eshitmagan» degan so‘zlarning qo‘shilmasidan bu nom paydo bo‘lgandir?» Keyin Abay qozoqlar bilan qirg‘izlar nima sababdan, qachon, qaerdan Olotov etaklariga kelib qolganliklari to‘g‘risida hikoya qiladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:07:27
Ko‘rinib turibdiki, buyuk shoir xitoylarning tarixi bilan tanish bo‘lgan, shuningdek, qirg‘izlarning «Manas» eposini ham manaschi-aytimchilardan eshitgan va undan kerakli ma’lumotlarni olgan. Gap shundaki, «Manas»da aytilishicha, xitoylar va jungarlar qirg‘izlarni yerga urish maqsadida ularni «burutlar» deb ataganlar.

Bundan tashqari, Abayning e’tirof etishicha, qirg‘izlar bilan qozoqlar azal-azaldan buyon birga yashab keladilar, hech qachon ayirmachilik qilmaganlar, bitta xalq bo‘lganlar: go‘yo bu so‘zlarni muhrlab qo‘yadi. Shuningdek, zamondoshlarini Minusk past tekisligida ham bizga qondosh xalq yashayotganidan ogoh etadi.

Xalq orasida yuradigan yana bitta afsona ham haqiqatga yaqin. O’sha afsona bo‘yicha, «qozoq», «alash», «uch juz» atamalari bir-biriga uyqash; bu so‘zlarning kelib chiqishi tushuntiriladi.

Qadim zamonlarda Daryo sohillarida ko‘p sonli xalq yashardi. Uni Qizil arslon ismli hukmdor boshqarardi. Bu xon qo‘ni-qo‘shnilari bilan goh urushardi, goh yarashardi. Bir gal u boy-badavlat hamsoyasiga hujum uyushtirib, juda katta miqdorda o‘ljaga ega bo‘ladi. Bitta go‘zal qiz asirlikka tushib qoladi. Xon o‘sha qizni xotin qilib oladi. Oradan to‘qqiz oyu to‘qqiz kunu to‘qqiz soatu to‘qqiz daqiqa o‘tgach, o‘sha qiz o‘g‘il bola tug‘ib beradi. Lekin, go‘dakning badani olachipor— pes bo‘lib tug‘iladi. Xon ham, uning fuqarosi ham bu go‘dakni ko‘rib, qo‘rqib ketishadi va undan qutilmoqchi bo‘ladilar. Xonning to‘ng‘ich xotini — boybichcha qoravullarga: «Go‘dakni daryoga tashlab yuboringlar!» deb buyruq beradi. Tug‘ilgan paytidayoq butun boshli xalqning yuragini yorib yuborayozgan go‘dak, ne ajabki, suvga cho‘kmaydi. Go‘dak suv sathida qalqib-qalqib oqib ketadi va daryo etaklarida baliqchilik bilan shug‘ullanadigan bitta befarzand cholning qo‘liga borib to‘shadi. Xudoning inoyatidan quvonib ketgan chol go‘dakni qutqarib, bag‘riga bosgancha uyiga olib ketadi. Chol-kampir go‘dakni parvarish qila boshlaydilar. Bolakay «olachipor» bo‘lgani bois uni erkalatib «Alash» deb nomlaydilar. Shu nom bilan bola voyaga yetadi. Oradan yillar o‘tgach, bola juda aqlli, dovyurak, baquvvat botir bo‘lib ulgayadi. O’zining ajib fazilatlari bilan ko‘pchilikning nazariga to‘shadi.

Uning haqiqiy otasi Qizil arslon navqiron botir o‘zining pushti kamaridan bo‘lganini bilib, ilgari qilgan ishi uchun pushaymon yeydi. Dastlab, botir yigitni o‘z qavatiga tortmoqchi bo‘ladi. Lekin, Mayqi biy maslahatiga ko‘ra, uning ixtiyoriga uch yuz nafar askar beradiyu olis sahroga jo‘natib yuboradi. Uch yuz nafar dovyurak, taptortmas yigit ko‘plab jangi jadallarda ishtirok etadilar, qahramonlik namunalarini ko‘rsatadilar va o‘zlarining hududini mamlakat darajasida kengaytirib oladilar. Ular Alashni oq kigizga o‘tqazishib, xon etib ko‘taradilar. Ularning jasoratini chetdan kuzatib yurgan odamlar hasad qilishib, yovqur jangchilarni «qozoqlar», ya’ni «mustaqil kishilar» deb ataydilar. Shunday qilib, uch yuz nafar yigit uchta juzga (yuz-100) asos soladilar. «Juz» — o‘nta o‘n degani, qozoqlar yashaydigan mamlakat demakdir. Bizning oqsoqol-chollarimiz hozir ham: «Bizning bobomiz Alash, bizning nomimiz qozoqlar», deydilar.
Qodirg‘ali Jaloyir, Rashididdin, Abulg‘oziy Bahodirxon kabi mashhur muarrixlarning asarlarida Alash nomi tez-tez eslatilib o‘tiladi. Keyingi ikki muallif bergan ma’lumotlarga qaraganda, Alash xonning yozlik qarorgohi Ulug‘tov bilan Kichiktov oralig‘ida, qishlov qarorgohi esa Qoraqum bilan Bo‘rsiqqum oralig‘ida joylashgan ekan. Ulug‘tovda hozir ham «Alash xon o‘rdasi»ning xarobalari saqlanib qolgan. Bu Alash xon saroyining qoldiqlaridir. Qorao‘ng‘ir daryosining yoqasida Alan xon maqbarasi bor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:08:55
Aytmatov. Juda qiziq ma’lumotlar ekan. Kavkazda yashaydigan no‘g‘oylar ham o‘zlarini erkin tutadigan, dovyurak, ozod kishilarni «qozoqlar» deb ataydilar. Uzoqqa borib o‘tirmaylik, o‘z xo‘jayinlarining zulmidan, qulliqdan qochib Sibirga Urolga, Donga ketib qolgan rus dehqonlari ham «qozoqlar» deb ataladi. Ularning tushunchasi bo‘yicha «qozoq» so‘zi «erkin», «mustaqil» degan ma’nolarni anglatadi. Qo‘shni xalqlarda mavjud bo‘lgan ko‘plab maqollar, matallar asosida fikr yuritadigan bo‘lsak, «qozoq» va «kazak» atamalari faqat tashqi fonetik jihatdan emas, balki ichki mazmuniy jihatdan ham o‘xshash ekanini kuzatish mumkin.

Boz ustiga, Ch. Valixonov «qozoq» so‘zini harbiy atamalar ro‘yxatiga kiritgandi; bu so‘zni «jasur», «dovyurak» ma’nosida talqin qiladi. Mashhur olim V. V. Radlov «qozoq» so‘zini «mustaqil», «jasur» ma’nosida tushunadi; taniqli turkshunos A. N. Samoylovich ham o‘sha nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlaydi va bu so‘zni «jasur», «erkin» deb tarjima qiladi.

Shoxonov. Eramizning II asriga aloqador bo‘lgan Jungo (Xitoyning nomi) solnomasida xabar berilishicha, Orol va Hazor dengizlari bo‘ylaridagi sahrolarda «xasa», «kasa» nomli xalq ko‘chmanchi bo‘lib yashaydi. O’rta Osiyodan chiqqan muarrix Ro‘zbexon ma’lumotlariga ko‘ra, «o‘zlarining behad jasurligi, quvvati, qahramonligi bilan dong taratgan qozoqlar jahon xalqlari o‘rtasida mashhur bo‘lib ketadilar; arab tilida yaratilgan ko‘plab asarlarda ularning qo‘rqmasligi, jonbozligi to‘g‘risida bot-bot so‘z ketadi».

Shunday qilib, «qozoq» deb atalmish xalqning tabiatan jasur, erkin, erksevar, mustaqil bo‘lganini qadimiy manbalar ham tasdiqlaydi.
Yuqorida aytilgan gaplarning yana bir isboti shundaki, janubiy Qozog‘istonda bitta dovon bor. Aytishlaricha, «Iskandar mana shu tepalikdan orqasiga qaytib ketgan» ekan. Bu dovon xiyla baland va uzun. Iskandar Zulqarnayn — mashhur sarkarda Aleksandr Makedonskiyning o‘zginasi bo‘lib, eramizdan avval IV asrda Eron podshosi Doro III qo‘shinlarini, Osiyoda Qodomon qo‘shinini yanchib tashlab, so‘ng O’rta Osiyoga lashkar tortib kelgan edi. Buyuk sarkarda Samarqandni ham zabt etadi. Keyin Sirdaryodan o‘tib, muzaffar yurishini davom ettirmoqchi bo‘lgan chog‘da Olatov ko‘chmanchilarining qaqshatgich zarbalariga duch kelib, orqaga qaytishga majbur bo‘ladi. O’shandan buyon xalq orasida quyidagi qo‘shiq mashhur:
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:09:25
Ortingdan yurganga yo‘lni ochib ber,
toshlarni maydala oppoq un qilib.
Yaqin bor aytgancha qadim qo‘shiqni:
«Iskandar qaytgan, ey, ulug‘ qoya,
zuvillab uchirgan shamoling-la kel».


Aleksandr Makedonskiyning orqaga chekinishi xalq xotirasida yaxshi saqlanib qolgan. Kimdir, bu qo‘shiq keyingi zamonlarda to‘qilgan, deb e’tiroz bildirishi mumkin. Biroq, «Iskandar mana shu tepalikdan orqasiga qaytib ketgan» degan so‘zlar, oradan 24 asr vaqt o‘tgan bo‘lsa hamki, hamon o‘zgarmay qolayotir.

Eramizdan avvalgi VII—IV asrlardagi Midiya, Assuriya, Eron mamlakatlarining iqtisodiy, moliyaviy ahvolini o‘rgangan taniqli olim A.N. Bernshtam ular bilan savdo-sotiq aloqalarini o‘rgatgan Kichik Osiyodagi qadimiy saklar hozirgi qozoqlarning bevosita ajdodi bo‘lganlar, degan xulosaga keladi. Qadimiy davrlarni tadqiq etgan tarixchilar, etnograflar, qadimshunoslar, antopologlar ham xuddi shunday to‘xtamga keladilar.
Saklardan so‘ng tarix sahnasiga qadimiy turklar (VI—VIII asrlar), qarluqlar (VIII—X asrlar), qimoqlar (IX—XI asrlar), keyin to XIII asrgacha davlat qurib o‘tirgan qipchoqlar chiqadilar. Oq o‘rda tarkibiga kirgan qozoqlar esa mo‘g‘illarning bayrog‘i ostida o‘tkazilgan barcha janglarda, talonlarda qatnashadilar. Oq O’rda davlati hozirgi Qozog‘iston hududida joylashgandi. «U paytlari Alashning oltita urug‘i Oltoydan Hazor dengizigacha, To‘bo‘ldan Sirdaryogacha va Yettisuvgacha bo‘lgan o‘lkalarni egallab yotardi. XIII asrning ikkinchi yarmidan ular Oltin O’rdadan ajralib chiqadilar va o‘zlarining Oq O’rda davlatini tuzadilar».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:09:54
Oq O’rda parchalanib ketgach, Jonibek, Qaray ismli xonlar Shayboniylardan mustaqil ravishda o‘zlarining davlatini barpo etadilar. «Shayboniynoma», «Tarixi Rashidiy» nomli kitoblarning muallifi Muhammad Haydar Davlatiyning ma’lumotlariga qaraganda, O’rdadan ajralguncha bo‘lgan davrda qozoq xalqi tarkibiga quyidagi urug‘lar mansub ekan: XIV—XV asrlarda naymanlar O’lug‘tovdan Ishimga qadar ko‘chib yuradilar, qo‘ng‘irotlar va qipchoqlar Turkiston bilan Qoratov oralig‘ida yashardilar, arg‘inlar Irtish sohillarida va Markaziy Qozog‘istonda yashaydilar, qaraylar Torbog‘otovda, Irtishda, Umada, Zoyson ko‘li bo‘ylarida, To‘bo‘l daryosi qirg‘oqlarida yashaydilar, davlat Ila, Chuy, Talas daryolarining bo‘ylarida yashaydilar, qanglilar bilan uysunlar Yettisuvda yashaydilar, alashlar Edilda, Joykeda, Hazor bo‘ylarida yashaydilar. Xullas, sak qabilalari o‘rniga qozoq urug‘lari keladilar. Demak, vaqt o‘tishi bilan qabila va urug‘larning nomlari o‘zgaraveradi, biroq asrlar davomida mavjud bo‘lgan xalq o‘zgarmay qolaveradi; u o‘zi paydo bo‘lgan tuproqda hayot kechiraveradi. U yagona xalq. Ajoyib qozoq shoiri Jubon Mo‘ldag‘aliev iborasi bilan aytganda, «ming bor o‘lib, ming bora tirilgan» xalq — qozoqdir.

Biz ko‘p hollarda o‘zimizni o‘zimiz yerga urdik, xarob etdik. «Qozoqning dushmani qozoq bo‘ladi», degan edi bir donishmand. Menimcha, bu so‘zlardan qirg‘izlar ham qochib qutilmasa kerak. Totalitar tuzum davrida Markazga yaxshi ko‘rinish uchun 1913 yilga qadar qozoq bilan qirg‘iz xalqi orasida faqat 2-3 foiz savodxon bor edi deb yozdik. Aynan sovet hokimiyati yillarida qozoqlar bilan qirg‘izlar yoppasiga savodxon bo‘ldilar deb ayuhannos soldik. O’zimiz yuksak minbarlarga chiqib, bu haqda ko‘kragimizga mushtlab gapirdik. O’zimiz o‘zimizni johil, tarixi yo‘q xalq deb ko‘rsatdik. O’zimiz o‘zimizni qul qilib, bo‘ynimizga tavqi la’nat tamg‘asini osib yurdik. Boshqalar jo‘r bo‘lishib qarsak chalib o‘tirdilar.
Aytmatov. Ha, Qohirada, Damashqda, Marokashda yoki bo‘lmasam, Qozonda, Toshkentda, Buxoroda tahsil ko‘rib qaytgan, musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘lmish Qur’oni karimni yoddan biladigan mullalarimiz nafaqat shaharlarda, balki ovullarda ham bolalarimizga islomiy ilmlardan tashqari dunyoviy ilmlarni ham o‘rgatib yurgan bo‘lsalar-da, biroq ular savodxon hisoblanmasdi. Vaholanki, ular Sharq va G’arb ilmini suvday bilardilar. Ulardan ta’lim olgan, islomiy bilimlarni o‘zlashtirgan, arab imlosidan savod chiqargan o‘quvchilar ham o‘sha ikki-uch foizga qo‘shilmasdi. Faqat ruscha ta’lim olgan o‘quvchilargina savodxon hisoblanardi. Sharqona tahsil ko‘rgan, arab imlosida yozishni, o‘qishni biladigan kishilar umuman e’tiborga olinmasdi.

Qadim zamonlarda ham o‘zimizning alifbomiz, yozuvimiz bor edi. Afsuski, hozir biz bu haqiqatni isbotlab berishga ojizlik qilamiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 20 Mart 2009, 17:10:37
Issiq qo‘rg‘on xarobalaridan topilgan kumush kosa tubidagi yozuvni olimlar eramizdan avvalgi V asrga aloqador deb tasdiqladilar.

Mo‘g‘ilistonda taqinchoqqa yozilgan xat topildi. Bu taqinchoq bo‘yinga osib yuriladi. Unga «Sengir» deb yozilgan ekan. Xunlar davriga tegishli yodgorlikdagi yozuv qadimiy turk tilida «tog‘ tizmasi», «tog‘ zanjiri» ma’nosini anglatadi. Eramizdan avvalgi 192 yilda yozilgan xitoylarning «Solnomasi»da: «Meta Tangrining farovon davri kelgach, xunlar kuchayib ketishdi, ular yozuvdan foydalanishni o‘rgandilar va avlodlariga buyuk meros qoldirdilar», deb qayd etiladi.

Shoxonov. Bu hol qadimiy turk yozuvi hozir taraqqiy etgan G’arbiy Yevropa mamlakatlaridagi yozuvlarga nisbatan ancha ilgari paydo bo‘lganini yana bir bora tasdiqlaydi. Bundan tashqari, saklar bilan xunlarning yozuvlari buyuk davlatning ehtiyoji sifatida paydo bo‘ladi. Bu davlat Sibir o‘rmonlaridan to Dashti Qipchoqqa va O’rta Osiyoga qadar bepoyon hududni qamrab olgandi. Aynan mana shu o‘lkalarda qadimiy yozuv vositasida davlat siyosati yuritilardi. Aynan qadimiy yozuv qudratli davlat ichkarisidagi o‘zaro aloqalarni ta’minlaydigan vosita bo‘lib xizmat qiladi. Hatto bir nechta davlat tuzilmalari tarkibida yashagan turkiy xalqlar o‘rtasida axborot tarqatish, muhim ma’lumotlarni avloddan avlodga qoldirish vazifasi ham qadimiy yozuv zimmasiga to‘shadi. Urxun-Yenisey bitiktoshlarida qoldirilgan bebaho ma’lumotlar tufayli qirg‘iz va qozoq xalqlari tarixidagi bo‘shliqlar to‘ldirildi. Ular ilgari topilgan toshbitiklardagi ma’lumotlarni tasdiqladi.

Aytmatov. Yenisoy bilan Tuva oralig‘idan topilgan 120 yozma yodgorlik ilm-fan olami uchun juda katta yangilik bo‘ldi. Bular qirg‘iz tili va qirg‘iz xalqiga tegishli yodgorliklardir. Talas shahrining sharqiy tomonidan topilgan toshbitiklardagi har bir so‘z xalqimiz xotirasidan deyarli o‘chib ketgan butun boshli tarixiy davr to‘g‘risida hikoya qiladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 17:58:22
Shoxonov. Qozoq adabiyotining mumtoz vakili G’abit Musrepov bir gal mendan: «Eramizning IV—VIII asrlarida gullab-yashnagan buyuk Turk qog‘onati nima uchun parchalanib ketadi?» deb so‘rab qoldi. Men unga: «Dushman kuchlilik qiladi, yer maydoni katta edi, xalq oz edi, boz ustiga, xalq ittifoq emasdi», deb javob berishga urinib ko‘rdim. Lekin bu javob G’abit og‘ani qoniqtirmadi. U boshini sarak-sarak qilib: «Umuman olganda, gaplaring to‘g‘ri. Biroq, sen eng asosiy sababni aytmading. Qog‘onotning parchalanib ketishiga sabab shuki, ular dushmanga qarshi o‘z lashkarini yo‘naltira oladilar-u, ammo unga o‘z madaniyatlarini qarshi yo‘naltira olmaydilar», deb javob beradi.

Ha, bu dunyoda ma’naviy qullikdan ham ortiq darajada ezadigan qulliq bo‘lmaydi. Axir, yer yuzasida o‘zidan kuchli bo‘lgan xalqlarning tilini, dinini, madaniyatini, san’atini o‘zlashtirib olib, o‘zlarining serqirra madaniyatini, urf-odatlarini, tarixi, adabiyotini batamom unutib yuborgan elatlar ham bor-ku?!

Mustamlakachilar zabt etilgan o‘lkalarning xalqlarini ma’naviy jihatdan uzil-kesil qaram qilib olish uchun tarixiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan uch xil usuldan unumli foydalanadilar: yerlari bosib olinadi, dinni o‘zgartiradilar, ya’ni o‘zlarining diniga kiritadilar, tarixni va tilni unutishga majbur etadilar. Xalq tarixiy xotirasidan mahrum bo‘lib qolishi uchun shunday qiladilar.
Lotin alifbosini joriy etish yo‘lida qanchalik g‘ovlarga duch kelganimizni eslatib o‘tish kifoya bo‘lsa kerak. Vaholanki, bu milliy o‘ziga xoslikka qaytish borasidagi qutlug‘ qadam edi.
Bizning qadimiy ota-bobolarimiz o‘ylab topgan yozuv, turkiy xalqlarning madaniyati va san’ati taraqqiyotiga xizmat qilgan, tilimizni rivojlantirgan va boyitgan, shajaramizni va umuman tariximizni tosh-bitiklarda abadiy qoldirgan ko‘hna yozuv qanday qilib yo‘qolib ketadi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 17:59:26
Aytmatov. Fikr-mulohazalaringga to‘la-to‘kis qo‘shila olmayman. Lotin imlosi bizga jamiki turkiy xalqlarning yozuvini bir-biriga uyg‘unlashtirish uchun qo‘l keladi. Umuman, faqat qirg‘iz yoki qozoq yozuvi va madaniyati emas, balki barcha turkiy xalqlarning yozuvi va madaniyati keyingi 12-13 asr mobaynida har tomonlama qisdi-qafasga olindi. Ularning hammasini sanab ko‘rsatish ham mumkin. Milodiy 634 yildan to 710 yilga qadar arab xalifatining lashkari Suriyani, Eronni, Quddusni, Afgonistonni, O’rta Osiyoni, Vizantiyani, Armanistonni, Misrni va G’arbiy Yevropaning bir qismini bosib oladi. Zabt etilgan o‘lkalarda islom dini va arab imlosi joriy etiladi. 715 yili Turkiston ham arablarning mustamlakasiga aylanadi. Muarrix Narshaxiy o‘zining «Buxoro tarixi» nomli kitobida arab sarkardasi Qutaybaning xurmacha qiliqlari to‘g‘risida so‘z yuritib: «U harbiy xizmatga yaroqli bo‘lgan  barcha kishilarni qilichdan o‘tkazadi. Tirik qolganlarni esa asir oladi. Qutayba machitlar qurdirdi. G’ayridinlarning kitoblarini, otashparastlarning qo‘llanmalarini yo‘qotib yuboradi», deydi.
Amudaryo o‘zanlari bo‘ylab joylashgan uch yuzdan ortiq shahar va qishloqlar arablar tomonidan batamom yo‘qotib yuborilganini buyuk Beruniy afsus bilan eslaydi. O’sha qishloq va shaharlar bilan birga odamlar ham, noyob qadriyatlar ham, til va din, yozuv, urf-odatlar, an’analar ham izsiz yo‘q bo‘lib ketadi.

Shoxonov. Arablar xalqni bo‘ysundirish uchun eng oddiy va to‘g‘ri yo‘lni tanlaydilar; birinchi navbatda mahalliy dinni yo‘qotadilar, otashparast aholini islomiy e’tiqod tomon boshlaydilar. So‘ng mahalliy yozuvni ham mahv etadilar. Ular ilmiy risolalarni, ilmi nujum va falsafaga doir tadqiqotlarni, solnomalarni, tarixga oid barcha kitoblarni yo‘qotadilar. Qabrtoshlardagi yozuvlarni, toshlarga yozilgan she’rlarni temir cho‘kichlar bilan ko‘chirib oladilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:00:18
Aytmatov. Xunlaru turkiylaru xorazmiylarning yozuvlarini barbod qilishgach, arablar xalqning ma’naviy qadriyatlarini — madaniyatini, adabiyotini, urf-odatlarini, an’analarini yo‘qotishga kirishadilar; jo‘g‘rofiy joylarni, odamlarning ismlarini arabcha nomlar bilan almashtiradilar. Xalqimiz o‘sha paytgacha to‘plagan tarixiy xotirasini unuta boshlaydi. 1924 yilga qadar biz foydalangan 28 harfdan iborat arab alifbosi mana shu tarzda turmushimizga kirib keladi.

Tabiat qonunlari bo‘lgani kabi jamiyat taraqqiyotining ham, tarixning ham o‘z qonuniyatlari bor. Ikki millat o‘rtasida, ikki din o‘rtasida kurash yoki urush bo‘ladimi-yo‘qmi, aniqrog‘i, ikki dinga e’tiqod qo‘ygan bitta xalq o‘rtasida urush-yarash bo‘ladimi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ertami-kechmi tabiat, vaqt, tarix ularni tenglashtirib qo‘yadi. Men bu gaplarning aytayotganimga sabab shuki, Chingizxon rahbarligidagi bosqinchilar Sharqdan G’arb tomon muzaffar yurish boshlashlaridan ancha avval G’arbdan Sharqqa tomon ham dahshatli harbiy yurish bo‘lgan edi va xalqlarni qurol kuchi bilan bo‘ysundirishga behuda harakat qilinadi. O’sha yurishlarning nomini «salib yurishlari» deydilar. Bunday bema’ni harakatlar ikki asrdan ortiqroq davom etadi. Unga qarshi qaratilgan harakatlar esa xalqlarni uch asrdan ortiq vaqt mobaynida dahshatga solib turadi. Nazarimda, o‘rta asrlarda o‘sha ikki bosqindan ham qonliroq hodisa ro‘y bermaydi.

Yer yuzasidan bepoyon hududlari, bir-biridan juda olisda joylashgan G’arb bilan Sharq ko‘p asrlar davomida mutlaqo o‘ziga xos yo‘ldan rivojlanib boradilar. XI—XII asrlarda Sharq mamlakatlari boy-badavlat edi. Ularning madaniyati, san’ati, adabiyoti, ilm-fani, iqtisodiyoti gullab-yashnaydi. Sharq Renessansi — Uyg‘onish davri boshlanadi. Mana shu holat, madaniyatning gullab-yashnayotgani va Sharq mamlakatlarining kuchayib borayotgani tufayli G’arbiy Yevropaning feodallari tinchgina uxlay olmay qoladilar. Boy-badavlat, sirli-sinoatli Sharq mamlakatlari olisdan ularga xuddi jannatga o‘xshab ko‘rinadi. Azobxonalarga aylangan G’arb shaharlarida istiqomat qiladigan qirollar, gertsoglar Sharq taraflardagi o‘lkalarni o‘zlariga qo‘shib olishga kirishadilar; o‘z otlarini Nil, Tigr, Yefrat kabi sharqiy daryolarda sug‘orishni xohlab qoladilar. Lekin, jangi jadalga bir kishi bormaydi-ku! Buning uchun Yevropa xalqlarini bosqinchilik yurishiga ko‘tarish kerak edi. Xalqni ko‘tarish uchun esa jiddiy sabab bo‘lishi kerak edi. Oxir-oqibat o‘shanday sabab ham topiladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:01:39
— Nasroniylarning sajdagohlari, Xudoning tobuti va Iso Nasroniyning qabri bo‘lgan muqaddas Quddus shahri musulmonlarning oyoqlari ostida toptalayotir! Xaloyiq, Xudoning tobutini qutqarib olaylik!— degan chaqiriq yangraydiyu uning aks sadosi G’arb mamlakatlari bo‘ylab taraladi.

Shunday qilib, ikki yuz yildan ortiq vaqt mobaynida davom etgan urush boshlanib ketadi. Nasroniy askarlarining yo‘llarida yashayotgan xalqlarning boshiga misli ko‘rilmagan kulfatlar yog‘iladi.

1095 yilda bo‘lgan dastlabki salib yurishini Rim papasi Urban II boshqargan. U Frantsiyada tug‘ilgandi. O’z atrofiga chegaradosh mamlakatlarning qirollarini, janobi oliylarini, oddiy askarlarini uyushtirib, buyuk lashkar tuzadi va Kichik Osiyo bilan Suriyani qonga botirib tashlaydi.

Frantsuz qiroli Lyudovik VII va Olmoniya hukmdori Konrad III rahnamolik qilgan ikkinchi va uchinchi salib yurishlari hech qanday natija bermaydi. Oddiy til bilan aytganda, ular kasodga uchraydilar.
To‘rtinchi salib yurishiga xalq va lashkarni Papa Innokentiy III boshqarib boradi.

1217—21 yillarda uyushtirilgan beshinchi salib yurishida olmon, mojor, ingliz, holland askarlari qatnashadilar. Qaqshatgich janglardan so‘ng Damashqni va Nil daryosining quyi oqimlarini bo‘ysundiradilar. Biroq, bo‘ysundirilgan o‘lkalarni uzoq vaqt qo‘lda saqlab qolishga ojizlik qiladilar va Misrni majburan tashlab chiqadilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:03:11
Oltinchi salib yurishida rahnamolikni olmon imperatori Fridrix II o‘z zimmasiga oladi. U juda katta lashkar to‘playdi. Quddusni tor-mor etib, Damashqqa kirib boradi. Biroq, musulmonlarning qarshi hujumiga dosh berolmaydi va ot jilovini kun botar tarafga burishga majbur bo‘ladi.

Yettinchi va eng oxirgi — sakkizinchi salib yurishlarini frantsuz qiroli Lyudovik IX uyushtiradi va lashkarboshi ham o‘zi bo‘ladi. Ammo, Tunis tuprog‘ida vabo kasaliga uchrab o‘ladi. Son-sanoqsiz lashkar qo‘mondonsiz qolgach, har tarafga tirqirab ketadi.
Nega men bu gaplarni eslab o‘tiribman? Gullab-yashnayotgan, rivojlanayotgan mamlakatlarni bosib olish uchun jahongirlar diniy g‘oyalardan shior sifatida foydalanadilar. Lekin, oxir-oqibat o‘zlari sharmanda bo‘ladilar. Ustiga ustak, tabiatda hamma narsaning o‘lchami, muvozanati bo‘ladi. O’sha qonli urushlar, salib yurishlari Sharqda javob zarbalarini qo‘zg‘otib yuboradi va Chingizxon G’arb tomon yurish boshlaydi.

Bu hodisa tarixda xalqlarni vaqt nuqtai nazaridan tenglashtirib turadigan qonuniyatlar borligini yana bir marta tasdiqlaydi.

Shoxonov. Bizning xotiramizga, tariximizga, xalqimizning madaniyatiga Chingizxon son-sanoqsiz lashkari bilan ikkinchi bo‘lib tajovuz qiladi. Ularning arab bosqinidan farqi shundaki, mo‘g‘illar yer-mulkni, asirlarni qo‘lga kiritgach, murodi maqsadiga yetardilar. Ya’ni, mafkuraviy kurashga deyarli ahamiyat bermasdilar. Ular Rusiya ustidan uch yuz yil hukmronlik qiladilar, lekin tilga ham, dinga ham qiron keltirmaydilar. Rus yozuvi, madaniyati, nasroniy dunyoqarash o‘zgarmay qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:04:38
Aytmatov. Chingizxon qo‘shini o‘zining muzaffar yurishini 1207—08 yillarda Sibirda yashaydigan buryat, yoqut xalqlarining yerlarini zabt etishdan boshlaydilar. So‘ng dunyoning narigi chetiga yetib borish maqsadida G’arb tomon otlanadilar; yuzdan ortiq mamlakatni va xalqlarni bo‘ysundiradilar. Bepoyon hudud mo‘g‘illar qaramog‘iga o‘tadi. Adriatika dengizi qirg‘oqlaridan ot jilovini orqaga buradilar. Yenisey qirg‘izlarining yo‘lboshchisi mo‘g‘illarga qarshilik ko‘rsatilsa, xalq boshiga bitmas-tuganmas musibat yog‘ilishini bilib, «Mo‘g‘il solnomasi»da aytilishicha, «Jo‘chixonga oq lochin, oq yo‘rg‘a, qora mo‘ynali po‘stin sovg‘a qiladi». Chunki, qora quyunday yopirilib kelayotgan Chingizxon lashkariga qarshilik ko‘rsatish g‘irt bema’nilik bo‘lardi. Shu bois ixtiyoriy ravishda taslim bo‘ladi. Qirg‘izlarning o‘sha yo‘lboshchisining ismi sharifi Aris Aynal Oldiyor o‘g‘li edi.

1218 yilgacha Chingizxon To‘ngut xonligini, Turpanni, Jungoni, Xonbaliqni zabt etadi. Uning keyingi mo‘ljali Yettisuv bo‘ladi.
«Mo‘g‘il solnomasi»da yozilishicha, qabilalar ittifoqiga birlashgan turkiy xalqlar Chingizxonning qonxo‘r o‘g‘illari — Jo‘jixon, Chig‘atoy, O’gaday, To‘la qo‘mondonligi ostidagi misli yo‘q lashkarga qarshi yigirma yil davomida mustaqillik, ozoddik uchun mardonavor kurashadilar. O’sha paytlari ichki ixtiloflar, ayirmachilik qozoq hukmdorlarini ichidan yemirayotgan edi. Bu hol xalq boshiga juda katta musibat keltiradi. Bosqinchilarga qarshi turadigan qudratli kuch bo‘lmaydi. 1220 yili mo‘g‘illar Yettisuvni, Ulug‘tovni, Qoratovni, Dashti Qipchoqni ishg‘ol qiladilar va O’tror, Sovron, Sig‘noq, Jent, Taroz, O’zgand shaharlarini yer bilan yakson qilib tashlaydilar. So‘ng Amudaryo qirg‘oqlari bo‘ylab, yo‘lida uchragan narsani barbod etib o‘tadilar. Hech kim bosh ko‘tarib, qarshilik ko‘rsatmaydi. Qayirxon o‘z askarlari bilan O’tror shahrini olti oy mobaynida yovdan qahramonlarcha himoya qiladi. Bizning tariximizda yorqin iz qoldirgan Xorazm shohi Muhammad ham yovga taslim bo‘lmasdan kurashni davom ettiradi: «Xorazmning kulini ko‘kka sovurilganini ko‘rganimdan ko‘ra, o‘zga yurtlarda xor-zorlikda o‘lib ketganim afzal», deydi u. Darhaqiqat, u mo‘g‘illarga qarshilik ko‘rsatib, Hazor dengiziga qadar chekinib boradi. Oxir-oqibat aytgan gaplari to‘g‘ri bo‘lib chiqadi: u odam yashamaydigan bitta orolda og‘ir kasalga chalinib o‘ladi.

O’sha paytlari Jabo no‘yon va Subutoy bahodirlar o‘ttiz ming nafar suvorilari bilan O’rta Osiyo orqali o‘tib, Eron va Ozarbayjonni ishg‘ol qiladilar. Gurjiston ham bo‘ysundiriladi. Shundan keyin otlarining boshini Edil tomon buradilar va ruslarning poyonsiz dashtlariga imkon qadar yaqin boradilar. Chegarada to‘xtaydilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:05:56
Shoxonov. Kelib chiqishi jihatidan bizga yaqin bo‘lgan mojor (vengr) xalqining farzandi, taniqli olim Qonir Ishvan Mondoqiy uchrashuvlarimizning birida bunday degandi: «Muxtor, sen boradigan joy — Bolqon tog‘lari... Bu joy biz kelib o‘rnashgan yerdir. Balki, sen ham shunaqa qo‘shiqni eshitgandirsan? Sizlar o‘zlaring tug‘ilgan zaminda qolasizlar. Bizning ota-bobolarimiz esa Qo‘tonxon bilan birgalikda Bolqon tog‘lariga kelib o‘rnashadilar. Boshqacha aytganda, biz sizlar bilan qondoshmiz, bizning azaliy vatanimiz ham bitta bo‘lgan. Keyinchalik begonalashib ketdik. Afsuski, shunday bo‘ldi. «Qalin tasmani belimga bog‘ladim. Oh, taqdiri azal, nega men o‘z yerimni tashlab keldim?!» degan qo‘shiq ham qadimiy zamonlardan guvohlik berib turibdi». U g‘amgin kulumsirab qo‘yadi.

«Do‘stim, g‘am yema. Biz yo‘qotgan xalq, mana, sening timsolingda yana biz bilan topishdi-ku» deb unga taskin bergandim.
Nadomatlar bo‘lg‘aykim, ba’zan taqdir odamlarga nisbatan nihoyatda shafqatsizlik qiladi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Qonir Mondoqiy Dog‘istonda to‘satdan vafot etdi. O’zining vasiyatiga ko‘ra, uning jasadi ota-bobolarining yurtiga — Olatov poyidagi Kengsoy qabristoniga dafn etildi.

Qo‘tonxon ham bizning tariximizda o‘ziga munosib joyni egallashi lozim. Chunki uning faoliyati boshqa rahnamolarning sa’y-harakatlaridan keskin farq qiladi. Ayni o‘sha zot Kiev knyazi Mstislav Romanovichga quyidagi tarixiy so‘zlarni aytgan: «Agar bugun siz bizga yordam bermasangiz, biz bugun o‘lamiz. Lekin, ertaga sizlarni ham qirib tashlaydilar», «Lavrentiy yilnomasi»da mana shu so‘zlar qayd etilgan.
Xo‘sh, Qo‘tonxon kim bo‘lgan?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:06:29
U Chingizxon bosqinchilariga qarshi bosh ko‘targan kamdan-kam yo‘lboshchilardan biri edi. So‘nggi nafasigacha o‘z xalqining va yurtining ozodligi uchun kurashadi. Dushmanga bosh egmaydi. Dashti Qipchoqning eng oxirgi himoyachisi shunday bo‘lgan. U buyuk qahramon sifatida nom qoldirgan.

Tarixdan juda yaxshi ma’lum bo‘lgan Jo‘chixon — Chingizxonning o‘g‘li, qipchoqlar ulusiga xon etib tayinlanadi. Lekin, u 1227 yilda vafot etadiyu o‘rniga kenja o‘g‘li Botu taxtga o‘tiradi. Uning nazarida, otasidan meros bo‘lib qolgan ulus kichkinadek ko‘rinadi: 1236 yilda buyuk lashkarini ergashtirib Urol tog‘laridan oshib o‘tadi va Edil bo‘ylaridagi bulg‘orlarni yanchib tashlaydi, Vladimir, Ryazan, Moskva knyazliklariga hujum qiladi. Yetti yil mobaynida Kiev, Polsha, Mojoriston, Moldova, Chexiya ishg‘ol etiladi. Irtishdan to Dunayga qadar bo‘lgan bepoyon o‘lkalarda mo‘g‘illar saltanati o‘rnatiladi.

Aytmatov. O’sha muzaffar yurishlardan so‘ng Botuxon Oltin o‘rda poytaxtini Saroydan Edil bo‘ylariga — Saroy Berkaga ko‘chiradi. Orol dengizining sharqiy va shimoliy tomonlaridagi o‘lkalarni akasi O’rda Yejen ixtiyoriga topshiradi. Yangi xonlik Oq O’rda deb ataladi. O’sha dengizning janubiy tomonlarini esa ukasi Shayboqxonga topshiradi va uni Ko‘k O’rda deb ataydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:07:19
Shoxonov. Ha, tarixiy haqiqat xuddi shunday. Lekin, hozir men boshqa gapni aytmoqchiman. Botuxon qipchoq ulusining hukmdori bo‘ladi. Qo‘tonxon esa mo‘g‘illarga qarshi kurashni davom ettiraveradi; goh yengiladi, goh g‘olib keladi. Lekin, eng oxirgi hayot-mamot jangi rus tuprog‘ida ro‘y beradi. «Lavrentiy solnomasi»da qayd etilgan so‘zlarni ham u xuddi o‘sha paytlari aytgandi. Chunki Qo‘tonxon mo‘g‘illarning shafqatsizligini, qonxo‘rligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgandi. O’z kuyovi Mstislav Udolim bilan hamkorlikda  bosqinchilarga  qarshi  muvaffaqiyatli  qarshi kurash olib borayotgan bo‘lsa-da, ammo boshqa knyazlar bilan til topisholmaydi. Dushman nihoyatda yaqinlashib qolgan paytda Mstislav Romanovich sotqinlik qiladi. Natijada rus tuprog‘i gulxan ichida qolib ketadi. Qora chumoliday o‘rmalab kelayotgan son-sanoqsiz mo‘g‘il lashkari birin-ketin knyazliklarni yanchib o‘taveradilar. Yo‘lda uchragan shahar va qishloqlar kul tepaga aylantiriladi. Odamlarning qonlari daryo bo‘lib oqadi, jasadlar tog‘ bo‘lib uyulib ketadi. Buyuk mutafakkir L.N. Gumilyovning yozishicha, «bu janglarda rus askarlarining to‘qson foizi qirilib bitadi».

O’sha qirg‘in barot jangdan omon-eson qutilib chiqqan Qo‘tonxon bilan Mstislav Udolim orqadan ta’qib etayotgan dushmanga qarshilik ko‘rsatib, asta-sekin chekinaveradilar va nihoyat, Dnepr daryosini kechib o‘tadilar. Yov ta’qibiga barham berish niyatida sohildagi barcha qayiqlarni yoqib yuboradilar. Mo‘g‘illar ularni qadamma-qadam quvib kelardi. Qo‘tonxon Novgorodda ta’qibdan butunlay qutilib, Kiev tarafga ot suradi. Rus knyazliklarini birin-ketin tor-mor etgan Botuxon 1238 yili Kozelsk ostonasida yana tag‘in Qo‘tonxon bilan yuzma-yuz to‘qnashadi. Qipchoqlarning sarkardasi yangi lashkari bilan yovni kutib turardi: maydonda ochiqchasiga jang boshlanadi.

Kuchlar nisbati barobar emasdi. Qo‘tonxon o‘z lashkarini yov tomonidan butunlay yanchib tashlanishiga imkon bermasdan asta-sekin chekinib, nihoyat, Mojoristonga kirib boradi... Polyaklaru olmonlaru mojorlaru xorvatlardan iborat ittifoqchilar qo‘shinini tor-mor etgan mo‘g‘il lashkari ham g‘olibona odimlar bilan Mojoristonga kirib boradi. Lev Gumilyov o‘zining «Qadimiy Rus va Buyuk Sahro» nomli kitobida Qo‘tonxonning keyingi mashaqqatli, kurash va xiyonatlarga to‘liq hayoti to‘g‘risida batafsil hikoya qiladi.

«Bela IV qipchoqlarning Qo‘tonxon boshchiligidagi o‘rdasini qabul qiladi. Shartnomaga ko‘ra, qipchoqlar katolik ibodatxonasida cho‘qinadilar. Ular qirolga bo‘ysunadigan qudratli kuchga aylanadilar. Biroq, qirol hokimiyatining mustahkamlanishidan tashvishga tushib qolgan mojor zodagonlari Peshta shahrida Qo‘tonxonni va boshqa sarkardalarni xiyonatkorona qatl etadilar. Bu voqeadan xabar topgan qipchoqlar qo‘zg‘olon ko‘tarishib, Bolqonga ketadilar».
Qonir Ishtvan Mondoqiy aytgan Bolqon tog‘lari aynan qipchoqlar bosh olib ketgan go‘sha edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:08:25
Yetti asr muqaddam yov bosqini natijasida o‘z yurti-dan bosh olib ketgan bizning qondoshlarimiz o‘zga yurtlardan panoh izlashga majbur bo‘ladilar. Hozir ular Mojoristonda yashaydilar. Ular to XVIII asrning o‘rtalarigacha o‘zlarining qipchoq tillarini, urf-odatlarini, an’analarini, milliy turmush tarzini saqlab qoladilar. Lekin, vaqtni to‘xtatib bo‘ladimi? Vaqtning ustidan hukm o‘tkazib bo‘ladimi? Shu kunlarga qadar o‘zlarini madiyorlar deb ataydilar; qipchoq ekanini unutmaganlar, asil vatani Dashti Qipchoq ekanini juda yaxshi biladilar. Masalan, ular eski qipchoq hisobi bo‘yicha o‘ngacha sanashni biladilar: bir raqamini «bilov», ikki raqamini «ikov», o‘n raqami «oymaq», o‘n bir raqami «qarali jumbaq» deyiladi. Hozir ham yosh bolalar mana shunday hisob-kitob asosida sanoqqa o‘rgatiladi. Buning sababi ma’lum, albatta. O’z yerlarini «Ulken Qipchoq» deb ataydilar. Yana-tag‘in, «Kichik Qipchoq» ham deydilar. Ular qahramon bobolari nomida barpo etgan shaharni Qo‘ton — Kotan deb ataganlar.

Qo‘tonxon mana shunday yashab o‘tadi, mana shunday kurashadi. O’z xalqining ozodligi, mustaqilligi uchun eng so‘nggi nafasiga qadar kurash olib borgan yovqur bobomiz inson bu dunyoga nima uchun kelib-ketishini hayoti misolida isbotlab beradi. Taqdiri azal shunaqa ekan.

Aytmatov. Oltin O’rda xiyla kuchsizlanib qolgani tufayli Kulikov maydonidagi jangda mag‘lubiyatga uchraydi. Biroq uzil-kesil tarix sahnasining tark etishiga sabab — O’rda bilan Amir Temur davlati o‘rtasidagi qarama-qarshilikdir. Amir Temur donoligi, olijanobligi bilan dong taratgandi. U davlat arbobi sifatida san’at, ilm-fan ahlini davrasiga chorlaydi, ularga homiyliq qiladi. O’zining qarindoshi bo‘lmish To‘xtamishxon ustiga 1391 va 1395 yillarda ikki marta qo‘shin tortib boradi. Shundan so‘ng Temurga qo‘shni bo‘lgan Oq O’rda davlati parchalanib ketadi. Zamonaviy tarixchilar ham buni yaxshi biladilar.

Shoxonov. Temurning ikki yurishidan keyin rus knyazliklari ozodlikni qo‘lga kiritadilar: uch yuz yil davom etgan mo‘g‘illar zulmidan xalos bo‘ladilar. Ikkinchidan, oddiy xalq ham mo‘g‘il zodagonlarining zulmidan ozod bo‘ladi.

Boshqa nuqtai nazardan qaralsa, G’arbdagi temir darvozalar buzib tashlangach, Qozon, Astroxon, Qrimda yashaydigan turkiy xalqlar mo‘g‘illar zulmidan qutilib, mustaqillikka erishadilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:09:02
O’rta asrlarda Oltin O’rda xonligi Osiyo va Yevropadagi eng kuchli, yirik davlatlardan biri edi. U G’arb bilan Sharqni bir-biriga bog‘lab turardi. Yana bir tarixiy haqiqat shundan iboratki, mana shunday qudratli davlatni Amir Temur Tarag‘ay bahodir yer bilan yakson etib yuboradi. U qo‘shni Xorazm ustiga ham qayta-qayta qo‘shin tortib boradi; ko‘hna Urganchning kulini ko‘kka sovuradi; Yildirim Boyazidni tiz chuktiradi; Eron va Hindistonni zabt etadi...

Amir Temur zamonida betimsol maqbaralar, machitlar, saroylar barpo etiladi. Turkistonda Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi qad ko‘taradi, Samarqandda ajoyib me’morchilik yodgorliklari bunyod etiladi.
Turkiy xalqlar endigina birlashib yagona davlat — o‘rda bo‘lib uyushgan paytda, hududiy jihatdan ham, kuch-qudrati jihatidan ham Yevroosiyoga barobar Oltin O’rda tanazzulga yuz tutadi. Taniqli qozoq yozuvchisi Muxtor Mog‘ovin turkiy xalqlarning keyingi taqdiri, taqsimot to‘g‘risida quyidagilarni yozadi:

«Edil daryosi sohillarida, eski bulg‘or davlati o‘rnida yangi Qozon xonligi paydo bo‘ladi.
Edil daryosining quyi oqimida Hoji Tarxon (Astroxon) xonligi vujudga keladi.
Qora dengiz bo‘ylarida Qrim xonligi paydo bo‘ladi.
Edil bilan Yoyiq o‘rtasida No‘g‘oy O’rdasining bayrog‘i ko‘tariladi.
Sibirda Sibir xonligi paydo bo‘ladi.
Ko‘k O’rda o‘rnida Qozoq xonligi paydo bo‘ladi.
Edil va Don daryolari oralig‘ida Ulug‘ O’rda paydo bo‘ladi.
Shunday qilib, ikki asr mobaynida turkiy xalqlarning tayanchi va markazi bo‘lib kelgan Oltin O’rda yetti qismga parchalanib, tarix sahnasidan tushib ketadi».

Ko‘k O’rda o‘rnida paydo bo‘lgan Qozoq xonligi sezilarli darajada kuchayib, Tavakkal xonlik qilgan davrda mustaqil davlat bo‘lib oladi. Aynan o‘sha davrda O’roz Muhammad ruslarga asirga tushib qoladi. U O’ndon sultonning o‘g‘li, Shig‘ayxonning nabirasi edi. Shig‘ayxon esa Tavakkalning akasi bo‘lardi. O’roz Muhammadning tarjimai holida diqqatga sazovar boshqa bir jihat shundan iboratki, asirlikning og‘ir kunlarini boshidan kechirgach, oxir oqibat u Moskva knyazligidagi hurmat-e’tiborga loyiq zotlardan biriga aylanadi va rus lashkariga qo‘mondon bo‘lib, Qosimxon (Karmanxon) davlatiga qarshi jang qiladi. Bu haqda M. Mog‘ovin ikki kitobdan iborat «Alasapiron» («Dolg‘ali davr») nomli roman yozgan. Shunday qilib, rus tarixidagi qahramonlardan bittasi qozoq o‘g‘loni bo‘lib, u o‘z jasorati bilan mashhur edi. Oradan besh asr o‘tgach, roman sahifalarida bizning kunlarimizgacha yetib keladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:10:05
Aynan o‘sha yurishdan so‘ng Oltin O’rdaning poytaxti bo‘lmish Berka shahri shafqatsizlarcha talon-taroj qilinadi va yoqib yuboriladi (hozir o‘sha hudud Rossiyaning Astroxon viloyati qaramog‘ida bo‘lib, Oqtepa daryosidan uncha olisda emas). Xullas, Dashti Qipchoqning g‘arbiy chegarasidagi eng go‘zal va boy-badavlat shaharning kuli ko‘kka sovuriladi. Uning xarobalari qum ostida qolib ketgan. Oradan bir yarim asr vaqt o‘tgach, shahar xarobalarining oq toshlarini rus savdogarlari Hoji Tarxonga (Astroxon) keltiradilar va kichik Kreml qurilishiga ishlatib yuboriladi. Bir paytlar uchta davlatning (Oq O’rda, Ko‘k O’rda, Oltin O’rda) poytaxti bo‘lgan o‘sha shahar xarobalarini shu paytgacha hech kim o‘rganmadi. O’tmishni xalqqa qaytaradigan, yo‘qolgan tarixiy xotirani tiklashga qodir bo‘lgan qadimshunoslar, afsuski, bizning oramizda yo‘q ekan. Qolaversa, Oltin O’rdaning poytaxti bo‘lgan Berka shahrining xarobalarida bitmas-tuganmas boylik yashirinib yotgan bo‘lishi ham mumkin. Bu shahar qoldiqlarini tarixiy-madaniy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olish to‘g‘risida O’rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalarining hukumatlari o‘ylab ko‘rsalar chakki bo‘lmasdi.

Biz bu yerda nima qilish haqida bosh qotirib o‘tirgan paytimiz kimlardir g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab shahar qoldiqlarini ag‘dar-to‘ntar qilayotir; topilmalarni qonunsiz ravishda o‘zlashtirib olayotir. Unday kimsalarni tarix ham, kelajak ham mutlaqo qiziqtirmaydi.

Taxminan, o‘n yilcha muqaddam qadimiy Berka shah-rida olib borilgan o‘zboshimcha qazilma ishlarida ish-tirok etgan bitta yigit bilan tasodifan gaplashib qolgandim. O’sha yigit bunday degan edi:

— Har bahorda yoki kuzda ketmon, belkurak olib, eski shaharni kavlagani boramiz. Shahar xarobalari atrofida qadimiy idish-tovoqlarning siniqlari, taqalar, uzangilar, siniq kamon o‘qlari sochilib yotibdi. Oyoq qo‘ygani joy yo‘q. Ayniqsa, bu yil omadimiz keldi. Biz shahar markazini topdik deb o‘yladik. Kavlay boshladik. Katta ko‘zaga duch kelindi. Uning og‘zi mahkam berkitilgandi. Juda xursand bo‘lib ketdik. Ichida juda katta boylik bo‘lsa kerak deb o‘yladik-da! Ko‘zaning kattaligi odam bo‘yli edi. Og‘zi mahkamlab qo‘yilgandi: ichida tillo tangalar bo‘lsa kerak deb, asta-sekin ochdik. Qarasak, ichkarisidagi yon tomonlariga arab imlosida yozilgan qandaydir yozuvlar bor ekan. Ko‘zani yasagan usta yozuvni ham o‘z qo‘li bilan yozgan bo‘lsa kerak. Biz ko‘zani ko‘tarib turib yerga urdik; parcha-parcha bo‘lib ketdi va ichidan sarg‘arib qolgan bosh chanoq chiqib qoldi. Bu kimning boshi ekanini biz qayoqdan bilamiz?! Axir, biz tillo qidirayotgandik. Hafsalamiz pir bo‘ldi. Bosh chanoqni bir chuqurlikka otib yubordik-da, kavlashni davom ettirdik. Bir haftadan so‘ng qandaydir yozuvi bo‘lgan oltin muhr va kumush kosa topib oldik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:14:25
O’sha buyumlar bita odamning suyaklari yonidan topildi. Suyaklar oqarib ketgandi. Odatda, biz topilmalarni Astroxon bozorida sotamiz. Kavkazdan kelgan bitta qo‘miq chol muhrdagi yozuvni o‘qib ko‘rdi-da: «Ie, axir bu Botuxonning muhriku!» deb qichqirib yubordi. U muhrni o‘pib, peshonasiga surtib oldi. So‘ng biz so‘ragan narxni to‘lab, o‘sha muhr bilan kumush kosani sotib oldi. Hatto biz so‘ragandan ham ko‘proq pul berdi...

O’ylaymanki, biz qanday boylikdan mahrum bo‘lganimiz o‘z-o‘zidan tushunarli bo‘lsa kerak. O’sha yigit ko‘zimga to‘ng‘izdan battar yomon ko‘rinib ketdi. Uning yonida bemalol o‘tirib,  bemalol nafas ololmay qoldim.

Ulug‘ rus shoiri A.S. Pushkin bog‘da Anna Kern bilan sayr etib yurgan chog‘da ma’shuqasi bitta toshga qoqinib to‘shadi; shoir uyiga qaytayotib o‘sha toshni olib keladi va ijodxonasidagi stol ustiga qo‘yib qo‘yadi. Hozir o‘sha oddiygina tosh bebaho tarixiy javohir sifatida, bebaho tarixiy xotira sifatida hamon shoirning ijodxonasida turibdi... Biz-chi? Biz nima qilyapmiz?!

Ko‘zadagi bosh kimniki edi? Boshni kim ko‘zaga yashirib qo‘yadi? U qaysi xonning, qaysi botirning boshi edi? Agar ko‘zadagi yozuvni o‘qiganimizda qanday jumboqqa javob topgan bo‘lardik, qanday sirning yechimini topar edik?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:17:15
Aytmatov. Bizning xalqimiz taqdirida, tarixida noaniq, noma’lum sahifalar juda ko‘p. Sen aytgan gaplardan ham ko‘rinib turibdiki, ayrim kimsalarning johilligi tufayli o‘shanday oq dog‘lar sirligicha qolib ketayotir. Ehtimol, tariximizning oltin sahifalari o‘zboshimcha «qadimshunoslar»ning sa’y-harakatlari kasridan butunlay yo‘qolib ketayotgan bo‘lsa-da ajab emas.

Xalqimiz boshiga misli ko‘rilmagan musibatlar keltirgan Chingizxon bosqini davrida turklarning ko‘plab urug‘lari, qabilalari mo‘g‘il lashkarining tazyiqi ostida O’rta Osiyoni tark etishga majbur bo‘ladi. Ular Kichik Osiyoga qadar chekinib boradilar va saljuqiylar sultonining qo‘l ostidan panoh topadilar. Turklar yo‘lboshchisining ismi Usmon edi, ularni ham Usmonli turklar deb ataydilar. Aynan o‘shalar hozirgi Turkiya davlatiga asos soladilar. 1299 yili o‘sha qabilalar mustaqillikka erishib, saljuqiylar sultonligidan ajralib chiqadilar va o‘zlarining davlatini barpo etadilar. Xalq farovonligini o‘ylaydigan, bu yo‘lda tinimsiz kurash olib boradigan Usmon bey etib saylanadi.

Shoxonov. Bir paytlar Turonzamindan, Turkistondan chiqib ketgan o‘sha xalq tarixi sinchiklab ko‘zdan kechirilsa, ularning boshidan ne-ne musibatlar kechganini ko‘rish mumkin. Toki Turkiya davlatiga Kamol Otaturk rahbar bo‘lguncha ular ko‘plab qonli to‘qnashuvlarga duch keladilar. Nafsilambirini aytganda, yovqur tabiatli usmonli turklar ko‘plab harbiy harakatlarda qatnashadilar, ba’zi urush-janjallarga o‘zlari sababchi bo‘ladilar. Masalan, 1326 yilda ular Vizantiyaning eng katta Bruss shahrini bosib oladilar va bu shaharni o‘zlarining poytaxtiga aylantiradilar. So‘ng davlat chegaralarini Marmar dengizi tomon kengaytirib, yo‘llarida yashayotgan xalqlarni bo‘ysundirib boradilar. Keyinchalik Qora dengizdan o‘tadilar; otlarining tuyoq tovushlari Bolqonda eshitila boshlaydi. Serblarni, bulg‘orlarni bo‘ysundiradilar va Mojoriston chegarasiga yetib boradilar.

Aytmatov. O’zing ham bilsang kerak, 1389 yilning 15 iyun kuni Kosov maydonida turklar bilan serblar o‘rtasida qonli jang bo‘lib o‘tadi. O’sha jangda turk sultoni Murod g‘alabaga erishadiyu natijada Serbiston Turkiyaning vassali bo‘lib qoladi. Bu gaplarni nima uchun aytyapman? Bolqon yarimorolida yashaydigan xalqlarning og‘zaki ijodida «Kosov maydonidagi Murod» nomli tarixiy qo‘shiq bor. Bu qo‘shiqni hamon aytib yuradilar. Qo‘shiqqa ajoyib kuy bastalangan. Qo‘shiqning hajmi katta emas. Tarixiy adabiyot namunasi sifatida, aytaylik, «Igor jangnomasi» kabi muhim ahamiyatga ham ega emas. Shunga qaramasdan, unda nihoyatda muhim tarixiy voqealar bayon etiladi. Badiiy jihatdan ham yuksak darajada yaratilgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:18:25
Shoxonov. Turklarning yo‘lboshchisi sulton Murod davlat chegaralarini kengaytirish maqsadida o‘z lashkari bilan Dunay daryosiga qadar boradi va navbatdagi yurish paytida Varna shahrida chexlar bilan mojorlarning qo‘shma qo‘shiniga to‘qnash keladi. Dovyurak, oqil sarkarda o‘sha to‘qnashuv chog‘i ko‘p sonli dushman lashkarini yanchib tashlaydi. 1475 yili turklar Qrimni ishg‘ol qiladilar.

Usmonli turklarning lashkari Yevropaga yurish qilgan davrlarda Bolqon xalqlari orasida boshqalardan ko‘ra serblar ko‘proq zarar ko‘radilar. Doimiy hujumlardan charchagan, urush oqibatidan tashvishga tushib qolgan serblarning podshosi Stefan Do‘shan 1349 yilda o‘z xalqi o‘rtasida yangi qonun joriy etadi. Bu xuddi Tovqaxonning «Jetti Jarg‘a» qonunlar majmuasiga o‘xshardi. Stefan Do‘shan tuzgan qonun 201 moddadan iborat edi. Jumladan, o‘sha qonunning yigirma birinchi moddasida bunday deyiladi: «Kimki o‘zining nasroniy e’tiqodini o‘zgartirib, boshqa dinni qabul qilsa, xiyonatkor kishining qo‘llari bilan tili kesiladi».
Bu qonun mamlakatni bosqindan asrab qolish uchun qilingan majburiy chora-tadbirlardan bittasi edi. U hech qanday murosasozlikka o‘rin qoldirmasdi.

Aytmatov. Stefan Do‘shan halol, adolatli podsho bo‘lgani bois mayda-chuyda hokimlar o‘rtasidagi ixtiloflar barham topadi va xalq birligi vujudga keladi. Odamlarda bir-biriga nisbatan ishonch paydo bo‘ladi, tartib-intizom o‘rnatiladi.
Podsho o‘z qo‘li bilan: «Kimki o‘zining ota-onasini, aka-ukasini, opa-singlisini yoki bolalaridan birini o‘ldirsa, unday kimsa gulxanda kuydiriladi», deb yozadi. Bu so‘zlar ham yuqorida aytilgan mulohazalarni tasdiqlaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:21:19
Shoxonov. «Buyuk Rus bo‘ylab men haqimda xabar tarqalajak», deb yozgandi bir paytlar A.S. Pushkin. 1833 yilning kuzida u o‘z joyida Pugachyov qo‘zg‘olonining tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Peterburgdan Orenburg tomon yo‘l oladi va Orenburgdagi chegarachilar komissiyasi huzuriga yetib boradi. O’sha sayohat davomida unga adabiyotning bilimdoni, do‘sti, chegarachilar komissiyasining amaldori Vladimir Dal hamrohlik qiladi. Ular ot qo‘shilgan foytunda qozoq tuprog‘i bo‘ylab safarga chiqadilar. Yoyiq (Uralsk) shaharchasiga yetib boradilar. Ulug‘ shoir O’rol sohilida uch kun bo‘ladi: Pugachyov qo‘zg‘oloniga aloqador joylarni ko‘zdan kechiradi, qo‘zg‘olonchilar qurol-yaroq yasagan temirchilar ustaxonasini borib ko‘radi, Pugachyovning kenja xotini bo‘lmish Ustinaning uyiga tashrif buyuradi, keksalar bilan gaplashadi.

Aytmatov. O’sha safardan so‘ng Aleksandr Sergeevich «Kapitan qizi» nomli qissa yozadi. Eng qizig‘i shundaki, bosh qahramon bo‘lmish kapitan Mironovning bolaligi O’rol sohillarida kechadi; buyuk rus masalchisi Ivan Krilovning otasi esa o‘sha qahramonning prototipi bo‘lgan ekan. Pushkinshunoslar keyinchalik shunday xulosaga keladilar.

Shoxonov. O’sha yili taniqli qozoq oqini Mahambet Utemisov Pushkin bilan uchrashadi. Keyin u 1833 yildan 1838 yilgacha davom etgan Bo‘ka O’rdasidagi mustamlakachilikka qarshi qo‘zg‘olonga rahbarlik qiladi. Mahambet o‘zining Nursulton ismli o‘g‘lini Orenburg korpusiga joylashtirish uchun hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida Uralsk shaharchasiga boradi. Uning yonida Jonkishi degan sahroyi qo‘shiqchi-aytimchi ham bor edi. Pushkin bilan Mahambetni bir-biriga V.I. Dal tanishtirib qo‘yadi. Mahambetni Dal ko‘pdan beri tanirdi (arxivlarda Mahambetning Dal nomiga yo‘llagan ikkita maktubi bor). O’sha uchrashuv paytida Pushkin aytimchining og‘zidan «Qo‘zi Ko‘rpesh — Boyon Suluv» nomli ishqiy dostonni yozib oladi.

Oradan 150 yil vaqt o‘tgach, «Russkiy vestnik» jurnalidan o‘sha tarixiy hodisaga tegishli ma’lumot topildi. Bu sohada muhim yangilik kashf etildi. Keyin «Yulduzlar to‘kilgan zamin» nomli badiiy asar yozildi. Mana shu ishlarni amalga oshirgan iqtidorli yigit Rahimjon O’tarboevni Siz yaxshi taniysiz. Hozir u bizning elchixonamizda ishlaydi. Qirg‘izistonga kelgan paytidan beri «Abutolib afandi», «Abay — hakam» nomli ikkita pesasi sahnaga qo‘yildi va tomoshabinlarning olqishiga sazovar bo‘ldi. «Abay — hakam» spektaklini ko‘rganingizdan so‘ng Siz ham bu to‘g‘rida ijobiy fikr bildirdingiz. Shaxsan o‘zim iqtidorli bu yigitdan hali ko‘p narsalarni kutaman.

Moskvadagi Pushkin muzeyida «Qo‘zi Ko‘rpesh — Boyon Suluv» dostonining sakkiz sahifasi bor. Bu muzeyning eng bebaho eksponatlaridan hisoblanadi. Shoir qozoqlarning dostoni ruhida keng qamrovli she’riy roman yozmoqni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi. Lekin rejasi amalga oshmay qoladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:22:47
Aytmatov. Diqqatga sazovar hodisa ekan.

Shoxonov. Yoyiq daryosi qanday qilib Urol deb nomlangani to‘g‘risida uch-to‘rt og‘iz gapirmoqchiman. Yemilyan Pugachyov aynan mana shu daryoning qirg‘oqlarida o‘z kuchlarini bir joyga to‘playdi. Ma’lumki, XVIII asrda chor Rossiyaga qarshi bundan kuchli qo‘zg‘olon bo‘lmaydi. Ular Rossiya saltanatini larzaga keltirib yuboradi. Qirolichani qo‘rqitib yuborgan narsa shundaki, qo‘zg‘olonchilar safida rus dehqonlari bilan Yeyiq kazaklaridan tashqari, juda katta miqdordagi boshqird, tatar, qozoq kambag‘allari ham bo‘ladi. Pugachyov sotqinlik natijasida asir olingach, qo‘zg‘olonchilar shafqatsizlik bilan jazolanadilar. So‘ng Rossiya ma’murlari Yoyiq daryosining nomini xalq xotirasidan butunlay o‘chirib tashlashga qaror qiladi. Qirolicha Yekaterina II daryo nomini eshitsa — bas, shaytonlab qolardi. Qirolicha maxsus farmon bilan Yoyiq nomini o‘sha atrofga yaqin bo‘lgan O’rol tog‘i nomiga almashtiradi.

Qadim zamonlarda o‘sha daryo sohillarida insoniyat tarixidagi payg‘ambarlardan biri Zardo‘sht dunyoga kelgandi. Endi bo‘lsa, bu daryo o‘z nomini majburan o‘zgartiradi va Urol deb ataladi. Biroq, qozoqcha so‘ylaydigan kishilar hamon daryo nomini Yoyiq deb aytadilar.

Totalitar tuzum hukm surgan davrda ko‘plab xalqlar, el-elatlar o‘zlarining o‘tmishini, tarixiy xotirasini deyarli boy berdilar. Hamma balo shundaki, turkiylar, o‘zlarining tarixini o‘zlari yozmaydilar, balki boshqalar o‘z tarixiga monand ravishda turk xalqlarining tarixini ham qog‘ozga tushiradilar. Bir xalq boshqa xalqni yaxshi yoki yomon ko‘radi, hatto ko‘rgani ko‘zi yo‘q bo‘ladi, ehtimol, qo‘rqishi mumkin. Tarixiy ma’lumotlar ham aynan mana shu nuqtai nazardan talqin etiladi. Demak, yolg‘on bilan rost qorishib ketadi. Shukrki, turkiy xalqlar tarixi bilan haqiqiy olimlar ham mashg‘ul bo‘ladilar. Ular arab, fors, xitoy, rus, ingliz, olmon tillarida yozilgan birlamchi manbalarni sinchiklab o‘rganadilar va tirnoqlab to‘plangan tarixiy ma’lumotlarni o‘zaro muqoyasa qilishib, yirik asarlar yaratishadi. Ayniqsa, ular orasida A. Levshinning «XIX asrdagi qirg‘iz-qozoq yoki qirg‘iz-qaysaq o‘rdalarining ahvoli», L. Gumilyovning «Buyuk Turk qog‘onoti», «Ko‘k turklar va Uyg‘ur qog‘onoti», N. Bichurinning «Yenisoy qirg‘izlari», «O’rta Osiyo va Qozog‘iston tarixi», V. Radlovning «Qadimiy mo‘g‘il-uyg‘ur, Urxun-Yenisoy yozuvlari», S. Malovning «Qadimiy turklarning yozuvi», N. Aristovning «Turkiy xalqlar va qabilalar», V. Bartoldning «O’rta Osiyo va Turkiston tarixi» kabi asarlar halol yozilgan va xalqlarimiz uchun foydalidir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:23:47
Ko‘p yillardan buyon qozoqlarning yetakchi olimlaridan biri, akademik Alikey Marg‘ilon ham mana shu sohada samarali mehnat qilayotir. U milliy tariximizga munosib hissa qo‘shdi. Bundan tashqari, Q. Aqishev, M. Quziboev, M. Qodirboev, S. Oxunjonov, L. Yerzakovich, A. Omonjo‘lov, M. Mog‘ovin, A. Darveshaliev, «Qozoqlar» nomli tarixiy trilogiyaning muallifi Q. Solg‘arin singari tadqiqotchilar ham tarix ilmining rivojlanishiga salmoqli ulush qo‘shdilar. Yozuvchi T. Jurtboev esa turkiy xalqlarning umumiy qahramonlari, yo‘lboshchilari to‘g‘risida juda katta tarixiy davrni qamrab olgan diologiya yaratdi. Tarix va qadimshunoslik fani sohasida Vahob Shalekenov, Karl Boypaqov, Bo‘lat Qumaqovlar ham fidokorona mehnat qildilar.

Shuningdek, hali hech kim tadqiq etmagan tarixiy yo‘llarni o‘rganayotgan, oq dog‘larning o‘rnini to‘ldirishga intilayotgan qirg‘iz tarixchilarining xizmatlari ham tahsinga loyiqdir. A. Tinibekov, E. Siddiq o‘g‘li, X. Qarasaev, K. Yudaxin, B. Jomgerinov, Q. Usanboev, A. Botmonov, O. Qoraev, V. Ploskix, V. Mokrinin, Ch. Umaraliev, A. Umaraliev, Q. Eson o‘g‘li, T. Beyshanaliev kabi tadqiqotchilar bu sohada sabot-matonat bilan izlanishlar olib borayotirlar. Ular bir qator yangi g‘oyalarni ilgari surishib, tarixiy tafakkur ufqlarini xiyla kengaytirdilar.

Aytmatov. Masalan, Yaponiyada maktab o‘quvchilari xalq tarixi, adabiyoti, madaniyati, musiqasi, o‘ymakorlik san’atiga doir har qanday savolga bemalol javob qaytara oladilar. Chunki, shu sohalar maktabda boshqa fanlar qatorida o‘qitiladi. Bolalar yoshlik paytidan e’tiboran o‘z xalqi tarixiga aloqador narsalarni ko‘proq bilishlari kerak. Shunda o‘quvchilar boshqa xalqlar tarixini ham osonroq o‘zlashtiradilar. Bizda esa hammasi teskari: bizning o‘quvchilarimiz Lyudoviklar, Vilgelmlar tarixini tong otguncha gapirib berishlari mumkin, ammo gap o‘zlarining tarixiga kelib taqalsa, yerga qarab miq etmay turaveradilar. Negaki, bu borada faqat taxminiy tushunchalarga ega, xolos. Xudoga shukrki, keyingi yillarda bu kasallikdan ham qutilib borayotirmiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:24:27
Shoxonov. Mo‘g‘il bosqini va hukmronligi natijasida Yettisuv bilan Janubiy Qozog‘iston xo‘jaliklarining iqtisodiy asoslari batamom izdan chiqib ketadi. Chingizxon lashkari dehqonchilikka moslashgan viloyatlarni yakson qiladi, qarshilik ko‘rsatgan shaharlarning kulini ko‘kka sovuradi, xo‘jaliklarga, iqtisodga, madaniyatga, turmushga misli ko‘rilmagan zarar yetkazadilar, mamlakatni bosib oladilar. Lekin, vaqt o‘tishi bilan hayot yana iziga tushib ketadi. Chunki, bu yerlar Oltin O’rda davlatining tarkibiga kiradi. Boz ustiga, XIII—XIV asrlarda Oltin O’rda Sharq va G’arbning ko‘proq taraqqiy etgan mamlakatlari, Hindiston, Misr bilan savdo-sotiq aloqalarini yo‘lga qo‘yadi. Asta-sekin Kichik Osiyo bilan G’arbiy Yevropa o‘rtasidagi karvon yo‘liga aylanib boradi. Ilgari ular faqat buzg‘unchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lsalar, asrlar o‘tgach, Oltin O’rda hukmdorlari mahalliy aholi bilan chatishib ketadi, islom dinini qabul qiladilar, o‘zlari xalqni dehqonchilikka o‘rgatadilar, madaniyat va iqtisodning rivojlanishiga ko‘mak beradilar. Aynan o‘sha paytlarda Oltin O’rdaning asosiy shaharlari bo‘lmish Saroy Botu, Saroy Berka, Urganch, Sig‘noq yirik savdo va madaniyat markazlariga aylanadilar, hunarmandchilik, san’at, adabiyot, madaniyat gullab-yashnaydi.

Aytmatov. O’sha davrni haqli ravishda Oltin O’rdaning «oltin asri» deb atash mumkin. Bu davrda turkiy xalqlarning yozma adabiyoti yetuk badiiy asarlar hisobiga boyidi. Xususan, Ali ismli shoir «Jusup haqida doston» (Injili sharifdagi Iosif-Yusuf to‘g‘risida) yaratadi (1233 yilda). 1303 yilda mashhur «Humo qush qo‘shig‘i» yaratiladi. 1310 yilda esa Rabg‘uziyning «Anbiyolar qissasi» e’lon qilinadi. 1341-42 yillarda qipchoq shoiri Qutb «Xusrav va Shirin» dostonini yaratadi. 1357-yili Mahmud Qardariy «Naxji ul-faradis» nomli nasriy asar yozadi. 1359 yilda Sayfi Saroyi «Guliston bit-turkiy» asarini tamomlaydi. 1409 yilda Durbek o‘zining «Yusuf va Zulayho» dostonini tugatadi va alohida devon sifatida turkiy xalqlar orasida tarqalib ketadi. Bu asarlar keyinchalik qayta-qayta nashr etiladi va ilmiy, badiiy tafakkurning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadi. Shu paytgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.

O’rta Osiyo bilan Dashti Qipchoq mo‘g‘il bosqinidan keyin   o‘zini   o‘nglay   olmay   yotgan   bir  davrda   — XIII—XV asrlarda Italiyada Uyg‘onish davri boshlanadi. Mamlakatda sanoat taraqqiy etadi, shahar aholisi ko‘payib boradi, kapitalistik ishlab chiqarishning ilk kurtaklari nishona beradi. Yevropadan olis Sharq mamlakatlariga yul oladigan karvonlar Italiyadan safarga otlanardi yoki Italiyaga qaytib kelardi. Qizg‘in savdo-sotiq, har tomonlama iqtisodiy aloqalar natijasida oddiy xalqning turmush darajasi xiyla yaxshilanadi, ular erkin nafas ola boshlaydilar; ilm-fanga, madaniyatga, san’atga, adabiyotga ko‘proq e’tibor beriladi. Italiyadagi Uyg‘onish davrining yuksak darajasini o‘sha davrda bunyod etilgan me’morchilik obidalari, muzeylar, naqshlar yaqqol dalolat berib turibdi. Inson dahosi tomonidan bunyod etilgan betimsol asarlar bu davlatda tinch-totuvlik, osoyishtalik, xursandchilik, murosa barqaror bo‘lganidan guvohdir. O’sha asarlar dunyoning boshqa mamlakatlariga ham tarqala boshlaydi. Dunyoni qilich yoki nayzalar emas, balki san’at asarlari zabt etadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:25:33
O’sha davrda qadimiy lotin mualliflarining asarlari til va uslub jihatdan batafsil tadqiq etiladi. Qadimiy Rim va yunon adabiyoti olimlarning sa’y-harakatlari tufayli insoniyatga qaytadan xizmat qila boshlaydi. Sitseron, Tit Liviy kabi qadimiy mualliflarning asarlarini to‘plab nashr qiladilar.
Italiyalik insonparvar Leonardo Bruno (1374— 1444) qadimiy yunon mutafakkirlari bo‘lmish Arastu, Aflotun, Plutarx kabi mualliflarning asarlarini tarjima qilish, to‘plash, tiklash, nashr qilish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘ladi.

Mashhur shoir Franchesko Petrarka (1304—1374) faqat qadimgi yozuvchilarning asarlarini o‘rganib, tahlil qilish bilangina shug‘ullanib qolmasdan, ayni paytda ma’shuqasi Lauraga bag‘ishlab go‘zal she’rlar yaratadi, his-tuyg‘ularini izohor etadi. Keyinchalik zamondoshlari Petrarka to‘g‘risida: «Petrarka ko‘rgan va o‘z she’rlarida tasvirlagan narsalarni, uning ilohiy nazari tushgan narsalarni hech kim ko‘ra olmaydi», deb yozgan edilar. Yevropa bilan Osiyoda avj olib ketgan urushlar nafaqat odamlarni, balki san’atni ham xarob qiladi.

Shoxonov. O’ylaymanki, bizning qadimiy bobolarimiz ham dono, ma’rifatli bo‘lganlar. Boshqalar o‘ylaganchaliq yovvoyi, to‘pori bo‘lmaganlar. Ona qornidan tushgan zahoti ketmonga yoki kurakka, qilich yo xanjar dastasiga yopishmaganlar. Turkiy xalqlarning madaniyati, ilm-fani ko‘p asrlar mobaynida bir-birlari bilan musobaqa o‘ynab rivojlangan. Vaqtlar o‘tib, boshqalardan orqada qolib ketganliklariga sabab muayyan shart-sharoitlar edi. So‘ng tarix xotirasini asriy changlar bosib qoldi. Masalan, bosqinchilik yoki mustamlakachilik asorati shular jumlasidandir. Ma’lumki, o‘rta asrlarda Qozog‘iston bilan O’rta Osiyo ilmiy kashfiyotlar, adabiy yangiliklar sohasida ilg‘orlar safida yurardi, boshqa davlatlarga nisbatan ancha ilg‘or edi. O’rta Osiyo mintaqasida yashaydigan olim va yozuvchilar o‘zlarining o‘lmas asarlari bilan jahon ma’naviyatiga misli ko‘rilmagan hissa qo‘shadilar. Hozir o‘sha davrlarda bobolarimiz tomonidan yaratilgan ko‘plab risolalar dunyo kutubxonalarining, arxivlarning faxri-iftixori hisoblanadi. Abu Rayhon Beruniyning guvohlik berishicha, hozir turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan mintaqada me’morchilik, haykaltaroshlik, o‘ymakorlik san’ati gullab-yashnagan; ilm-fan, san’at kabi o‘ziga xos yo‘ldan ravnaq topgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:27:09
Sharqning buyuk mutafakkiri, benazir tabib Abu Ali ibn Sino Buxoro madrasasida tahsil ko‘rgan yillarini eslab bunday deydi: «Kunlarning birida hukmdordan kutubxonadan kitob olish uchun va olgan kitobimni qaytarib berish uchun ruxsat so‘radim. Hukmdor ruxsat berdi. Ko‘p xonalardan iborat bo‘lgan kutubxonaga kirdim. Har bir xonada kitob to‘la sandiqlar bor edi. Kitoblar bir-birining ustiga taxlanib qo‘yilgan ekan. Kitoblarning son-sanog‘i yo‘q edi... Men u yerda odamlar nomini ham eshitmagan kitoblarni ko‘rdim; bunday kitoblarning borligini ilm ahli bilmasdi, noyob, hali o‘qilmagan, noma’lum kitoblar bisyor edi. Men bu kitoblarni mutolaa qildim, foydali bilimlarni o‘zlashtirib oldim. Muayyan kitobning muallifi qanday bilimga ega ekanini ziyraklik bilan kuzatdim, ilmga yangilik beradigan jihatlarini aniqlashtirdim».

O’n asr muqaddam qog‘ozga tushirilgan jumlalarda buyuk ma’no, buyuk sir-asror yashirin. Shu bois ulug‘ mayparast shoir Umar Xayyom «Arifmetikaning mushkul masalalari» nomli ilmiy asar yaratganidan ajablanmasak ham bo‘ladi. Vaholanki, o‘sha ilmiy asarda Sharqning buyuk mutafakkiri Isaak Nyutondan besh yuz (500) yil muqaddam o‘n sonli raqamli masalalarni kasr vositasida hal etish nazariyasini tavsiya etgandi. Ulug‘bek esa Galileydan ancha ilgari Yer o‘z o‘qi atrofida aylanishini isbotlab bergandi. Beruniy sanskrit, fors, arab, ivrit, yunon va boshqa tillarni mukammal bilardi. U birinchi bo‘lib dunyoning jo‘g‘rofiy xaritasini yaratadi. Al-Forobiy esa tiriklik paytidayoq «Ikkinchi ustoz» (Arastudan keyin) unvoniga muyassar bo‘lgandi. Ulug‘ olmon shoiri Gyote: «Sharqda yettita buyuk shoir bor. Ularning eng kuchsizi ham mendan ustun turadi», deb e’tirof etgandi. Bu e’tirof hayratlanish ham iftixor tuyg‘usini ifodalaydi. Ko‘rinib turibdiki, har bir zamonda ko‘tarilish, yuksalish davri bo‘ladi.

Qolaversa, ayrim xalqlar urush-janjallardan bosh ko‘tara olmay yotgan, atrofidagi dunyoni ko‘rish uchun ko‘zini ocholmayotgan paytlarda o‘rta asrlardagi Yevropa mamlakatlarida san’at, ilm-fan yuksak bosqichlarga ko‘tarilgandi. Ular qudratli qanotlarini keng yozib, yuksak parvozlarga hozirlik ko‘rardi.

Xususan, 1200 yili Frantsiyada Parij universitetiga asos solinadi. Angliyada XIII asrda Kembrij, Oksford universitetlari, Ispaniyada Saloman universiteti, Italiyada Neapolitan universitetlari o‘z faoliyatlarini boshlaydi. XIV asrda Chexiyada Praga, Polshada Krakov, Olmoniyada Kyoln, Geydelberg, Erfurt universitetlari ish boshlaydilar. Bular butun insoniyat, madaniyat taraqqiyotiga xizmat qiladilar: odamlarning dunyoqarashini, olam va dunyoni tushunishini batamom o‘zgartirib yuboradi.

XV asrda Yevropada oliy ma’lumot beradigan oltmish beshta o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatadi. Aynan o‘sha zamonlarda asos solingan oliy o‘quv yurtlari, universitetlar hozir ham Yer yuzidagi barcha insonlarga ma’rifat tarqatmoqda.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:28:17
Aytmatov. Adolat ham aynan shunda. O’z vaqtida munosib baholanmagan buyuk olim va yozuvchilarimizning asarlarini o‘rganib, tartibga keltirib nashr etish uchun ziyolilarimiz, jamoatchilik oldida qanchalik mas’uliyatli vazifalar turganini ta’kidlab o‘tirish shart bo‘lmasa kerak. Qolaversa, har yili hech bo‘lmasa bittadan Firdavsiy, Jomiy, Sa’diy, Fuzuliy, Umar Xayyom, Forobiy, Muhammad al-Xorazmiy, Narshaxiy, Abdulg‘affor al-Bo‘zjoniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon al-Beruniy, Yusuf Bolasog‘uniy, Mahmud Koshg‘ariy, Rashidaddin, Abulg‘oziy Bahodirxon, Qodirg‘oliy Jaloyir kabi Sharqning buyuk mutafakkirlarining, muarrixlarining, faylasuflarining kitoblarini nashr etib turish zarurligi to‘g‘risida gapirib o‘tirish shartmikan?! Biz xorijdagi ma’rifatparvarlardan behad minnatdormizki, ular yuqorida nomlari zikr etilgan allomalarimizning asarlarini alohida kitob holida nashr etdilar.

Biroq, bizda ayrim kamchiliklar borki, bu hol ishni davom ettirishimizga faqat xalaqit beradi, xolos. Hamma gap shundaki, bobolarimizdan qolgan meros har birimiz uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini bilganimiz holda ularni o‘zimiz tomon tortqilashga harakat qilamiz. Afsuski, shunday an’ana mavjud. Biz negadir muayyan bir dahoning qaerda tug‘ilganiga qarab turib, uning qaysi millatga mansub ekanini aniqlashga kirishamiz. Har bir tadqiqotchi uni o‘z tomoniga tortqilaydi. Shunday qilib, Ahmad Yassaviy qozoq bo‘lib chiqadi, Mahmud Koshg‘ariy — uyg‘ur, Yusuf Bolasog‘uniy — qirg‘iz, Muhammad al-Xorazmiy — o‘zbek va hokazo. Go‘yo ularning har bittasida bu haqda guvohnoma borday! Olimlar o‘rtasidagi shafqatsiz bahs-munozaralar goh kuchayib ketadi, goh so‘nib qoladi. Agar bizning ota-bobolarimizning shajarasi saklar davridan boshlangan bo‘lsa, agar barcha xalqlar o‘shangacha turklar deb atalgan bo‘lsa, demak, bizning buyuk bobolarimizning ijodiy meroslari ham O’rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari uchun umumiy bo‘lishi kerak. Agar bizning bobolarimiz Turkiston deb atalmish umumiy uyda yashagan bo‘lsalar, bitta tilda so‘ylashib, bitta tilda yozgan bo‘lsalar, xo‘sh, nima uchun biz yo‘q joydan muammo chiqarib, boshimizni og‘ritishimiz kerak ekan?! Bunday asossiz bahs-munozaralarning kimga keragi bor?! Nima uchun boy va murakkab merosimizni birgalikda sinchiklab o‘rganish to‘g‘risida hech kim gapirmaydi?! Nima uchun merosimizni har tomonga tortiqalishimiz kerak?! Buning o‘rniga, o‘sha ilmiy asarlarning asliyatini bir joyga to‘plab, turkiy xalqlarning umumiy merosi, tariximizning ajralmas qismi sifatida e’lon qilganimiz ming marta afzal emasmi?! Yoki bu hol imperiya davridan qolgan «bo‘lib tashlab, hukmronlik qilaver!» degan g‘oyaning uzviy davomi bo‘lyaptimi?! Nahotki, o‘sha kasofatga o‘zimiz ham mahliyo bo‘lib qolgan bo‘lsak?! Avvalombor, o‘sha kasaldan o‘zimiz xalos bo‘lishimiz darkor!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:28:56
Zotan, turkiy xalqlarning merosi umumiy ekanmi, demak, biz uchun, aytaylik, shoir Oqmullani boshqird ham, tatar ham, qozoq ham o‘ziniki deb bilsin. Xo‘jayosh esa qirg‘iz bilan qozoqning shoiri bo‘lgani kabi ayni paytda barcha turkiy xalqlarning umumiy shoiridir. Har bir xalqda boshqa tillarda ijod qiladigan adiblari bor. Ular hammaga barobar bo‘lishi kerak. Axir, shunday oqilona yo‘l tutilsa, birorta xalqning adabiyoti yoki madaniyati kambag‘allashib qolmaydi, aksincha, faqat boy bo‘lishi mumkin.

Zotan, o‘rta asrlardan so‘ng bizning xalqlarimiz ajralib ketgan bo‘lsalar, har biri o‘z holicha davlat qurgan bo‘lsalar, lekin ungacha urf-odatlar, an’analar, til va din bir bo‘lgan bo‘lsa, demak xuddi bitta gazmolning parchalari kabi ulug‘ bobolarimizning merosi ham, nomlari ham barchamizga barobar bo‘lishi lozim.

Shoxonov. Aytmoqchi, barcha turkiy xalqlar uchun barobar aloqador bo‘lgan ulkan doston bor. Uning nomi «Qrimlik qirq botir» deb ataladi. Bu dostonda Oltin O’rda davrida yashagan qirq botirning qahramonliklari yorqin bo‘yoqlarda, yuksak badiiy shaklda aks ettiriladi. O’sha ulkan dostonni faqat bir kishi — Murinjirov Sangirboev nomi bilan mashhur bo‘lgan qozoq oqini boshdan-oyoq yoddan bilardi. U o‘ziga xos, noyob inson bo‘lgan. Ulug‘ Vatan urushidan so‘ng u Til va adabiyot institutining taklifiga ko‘ra, Olmaotaga keladi. Uning og‘zidan «Qrimlik qirq botir» dostoni yozib olingan. Olti oy mobaynida har kecha-kunduz o‘sha dostonni aytib turgan, mirzalar peshma-pesh yozib olaverganlar. Lekin, baribir oxirigacha tugatishga ulgurmagan. Besh-oltita aytilmagan doston qolgach: «Nabiralarimni juda sog‘inib ketdim. Ularni ko‘ramanu darhol qaytib kelaman», deb oqin Mang‘ishloqqa jo‘nab ketadi. Uyiga borgach, kasal bo‘ladiyu olamdan o‘tadi. O’sha ajoyib adabiyot yodgorligining yozib olingan qismini ham shu paytgacha to‘laligicha nashr etganimiz yo‘q.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:30:51
Aytmatov. Turkiy xalqlar boshiga cheksiz musibat keltirgan Jung‘oriya davlati (uyratlar) Chingizxon vazifasini bajarmoqchi bo‘ladi. Biroq, zamon o‘zgarib ketganini, qarshilik kuchli bo‘lishini inobatga olmaydilar. Birinchidan, Xitoy imperiyasi qarshisida yolg‘izlanib qoladilar: natijada «xitoy ajdari» uyratlar ittifoqini ham, to‘rg‘ovlarni ham, durbutlarni ham, million-million qalmiqlarni ham yamlamay yutib yuboradi. Ikkinchidan, Chingizxon bosqini paytida turkiy xalqlar qayta shakllanish davrini boshidan kechirayotgan bo‘lsalar, oradan besh asr o‘tib, jung‘arlar bostirib kelgan paytda bu xalklar o‘zlarining mustaqil davlatiga ega bo‘lgan millat sifatida allaqachon shakllanib ulgurgandi. Ular millat sifatida o‘zlarini o‘zlari anglab, tanib bo‘lgandilar.

Shoxonov. Jung‘oriya davlatini tashkil etgan uyratlar ikkinchi asrda Mo‘g‘iliston dashtlaridan ketgan edilar. Chunki, Mo‘g‘ilistonda o‘sha paytlari misli ko‘rilmagan xunrezlik boshlanadi. Uyratlar Olatov etaklariga, qirg‘izlar bilan qozoqlarning qavatiga ko‘chib keladilar. Birmuncha vaqt shu yerda yashaydilar. Keyinchalik mo‘g‘illar hukmronlikni qo‘lga olgach, qozoq va qirg‘iz qabilalarining tazyiqi bilan uyratlar o‘z yaylovlaridan mahrum bo‘ladilar. Ular mol-qo‘ylarini boqishga joy topa olmaydilar, tashqi dunyo bilan savdo-sotiq qilishga ham ojiz bo‘ladilar. Chunki, nihoyatda kuchsizlanib qoladilar. Boz ustiga, XVI asrda bo‘lgan navbatdagi harbiy to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchragan uyratlar qozoq xonligi tarkibiga kiradilar, tobe bo‘lib qoladilar. Rus podshosi Ivan Grozniy bilan uning No‘g‘oy O’rdasidagi elchisi Daniil Gubin o‘rtasidagi yozishma ham shundan guvohlik beradi. Bundan tashqari, 1595 yilda qozoqlarning elchisi Qulmuhammadning Moskvadan sulton O’roz Muhammadga yo‘llagan maktubi ham shundan guvohlik berib turibdi: «Sening qarindoshing bo‘lmish valiahd Tavakkal Qozoq O’rdasining xoni bo‘ldi. O’z ukasi Shohmuhammadni esa qalmiqlar ustidan xon etib tayinladi. Ular yonma-yon ko‘chmanchilik qiladilar, doim birga yuradilar», deb yozadi o‘z maktubida.

Aytmatov. Tarixdan ma’lumki, uyratlar bilan qalmiqlarning qabilalari birlashib, 1635 yili o‘z davlatlariga asos soladilar. Bu davlatning nomi — Jung‘oriya edi. Ular xitoylaru qozoqlaru qirg‘izlarning o‘rtasida, tog‘li-toshli o‘lkalarda xonlik barpo etishgandi. Endi unumdor yaylovlarga ko‘chib o‘tish to‘g‘risida bosh qotiradilar. Chunki, ko‘p sonli mol-qo‘ylarni boqish uchun serhosil yer kerak edi. Ko‘p o‘ylab o‘tirishmasdan, ellik ming nafar lashkar bilan qirg‘iz-qozoq hududiga bostirib kiradilar. Dastlabki to‘qnashuv Talas daryosi bo‘ylarida ro‘y beradi. O’sha jangda o‘zbeklar lashkariga Oldishukur sarkardalik qiladi. O’zbek-qozoq-qirg‘izlardan iborat ittifoqchilar birgalikda dushmanga qaqshatgich zarba beradilar. Keyingi jang o‘zbeklar tuprog‘ida, qozoqlarning janubiy chegarasidagi Sayram shahrida sodir bo‘ladi va qardosh xalqlarning qo‘shma lashkari yov ustidan yana-tag‘in g‘olib keladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:32:30
Shoxonov. Jung‘oriyaning yaxshi qurollangan lashkari qozoqlar yurtiga yetti marta hujum qiladi. Ular poytaxt Turkistonni, Toshkentni, Sayramni, Sariarkdan to Edilgacha, Urolga qadar bo‘lgan o‘lkalarni ishg‘ol etadilar. Xalq boshiga misli ko‘rilmagan darajada musibat keltiradilar. Mol-mulkidan ajralgan xalq halokat yoqasiga borib qoladi. Yovdan qutilish uchun duch kelgan tomonga, duch kelgan buyum-suyumni qo‘lga olib qochadilar. Ko‘pincha odamlar ship-shiydam holda o‘z yurtlarini tark etadilar. Shu bois o‘sha zamon «yalangoyoqlar namoyishi» deb nom olgan. Urush oqibatida ocharchilik boshlanadi. Odamlar o‘lmaslik uchun har xil o‘simliklarning ildizlarini kavlab yeydilar.

Ba’zan o‘ylab qolaman: o‘sha musibatlar bizning qondosh xalqlarimiz birlasha olmagani tufayli boshimizga yog‘iladi. Rusiyaning Buxorodagi elchisi Florio Benevini ham aynan shu haqda 1725 yili bunday deb yozgan edi: «Hozir o‘rta Osiyoda shafqatsiz urush bo‘lyapti. Bu urushda afg‘onlar, forslar, xevaliklar, buxoroliklar, qozoqlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlar, qalmiqlar qatnashmoqdalar. Ularning har qaysi bir-biriga qarshi tig‘ ko‘tarmoq uchun o‘ziga yarasha bahona topgan».

Jung‘oriya xonligining tarix sahnasiga chiqib kelishi faqat o‘zbek, qirg‘iz, qozoq xalqlarining taqdiriga daxl qilib qolmaydi. Ayni paytda Xitoy bilan Rossiya ham bundan tashvishga to‘shadi. Bu ikki saltanat sohiblari qalmiqlarni miltiqlaru zambaraklar bilan qurollantirib, turkiy xalqlar ustiga ol-kishlab yuboradilar-da o‘zlari hech narsani bilmaganday bir chetda kuzatib, tomoshabin bo‘lib turadilar. Sir emaski, Xuanxe daryosidan Edilgacha, Sibirdan Erongacha bo‘lgan hudud bepoyon dashtu dalalardan, bitmas-tuganmas tabiiy boyliklardan iborat edi. Har qanday tullak beixtiyor mana shu boyliklarga ko‘z olaytirishni istardi. Ularning birdan bir maqsadi — Jung‘oriya o‘rdasiga qarshi kurashayotgan turkiy xalqlarni ham o‘zaro urushtirib qo‘yish edi; tokim, bir-birlarini qirib bitirsinlar! Hayot-mamot jangida oxir oqibat bir taraf mag‘lub bo‘lishi muqarrar edi. G’olib tomon esa nihoyatda holdan toyib qolardi. G’olibni yanchib tashlash unchalik qiyin bo‘lmaydi. Bir zarb bilan asfalasofilinga jo‘natish hech gap emasdi.

Mana shunday g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan Rossiya birdaniga hotamtoy bo‘lib qoladi: qalmiqlarning to‘rg‘ovut, durbit, ho‘shavut urug‘lariga Edil bo‘ylaridan yer ajratib beradilar, ularning ixtiyoriga qurol-yaroq, zambaraklar topshiriladi. Xullas, Jung‘oriya bilan qalmiqlarga qarshi davom etgan yuz yillik urush natijasida turkiy xalqlar umumiy madaniyatdan mahrum bo‘ladilar, parokandalik davri boshlanadi. Oxir-oqibat turkiy xalqlar Rossiyaning mustamlakasiga aylanadilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:38:46
Aytmatov. Yettisuvda Jung‘oriya askarlari ketma-ket g‘alabaga erishadilar: ular Norinko‘lni, Boyinko‘lni, Qoshdekni, Qoshkelganni ishgol qiladilar. So‘ng Olatovdan oshib o‘tib, qirg‘izlar tuprog‘iga yopirilib kiradilar. Issiqko‘l bo‘ylarida, Chuy vodiysida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlarda qirg‘iz xalqi ularga munosib zarba berolmaydi. O’sha paytlari bizning xalqlarimiz orasida bir maqol paydo bo‘ladi: «Agar tovda qirg‘iz bolasi yig‘layotgan bo‘lsa, vodiydagi qozoq onasining ko‘kragi og‘riy boshlaydi». Qardosh xalqni musibatdan xalos etish niyatida Shapirashti urug‘idan bo‘lgan Qorasoy botir besh ming nafar suvoriyni qavatiga olib, Chuy daryosi bo‘ylarida qalmiqlar lashkariga qaqshatgich zarba beradi. Qorasoy yuzma-yuz olishuvda qalmiqlarning sarkardasini mahv etadi. Bobolari ruhidan madad so‘ragan qirg‘iz va qozoq jangchilari yo‘lboshchilarining g‘alabasidan ilhomlanib, o‘sha to‘qnashuvda matonat, qahramonlik namunalarini ko‘rsatadilar.

Agar o‘sha to‘qnashuvdan so‘ng biz mustaqillikdan mahrum bo‘lgan bo‘lsak, Jung‘oriya umuman Yer yuzidan yo‘qolib ketadi. Qonli to‘qnashuvning natijasi shunaqa bo‘ladi. Bosqinchilarga qarshi turkiy xalqlarni birlashtirish g‘oyasini eng avval Eshimxon har tomonlama rag‘batlantiradi. Chunki, ul mukarram zot jungarlar biz uchun nechog‘liq xavfli ekanini boshqalardan ko‘ra ertaroq anglab yetadilar. U bir-biri bilan yoqalab yotgan Buxoro, Turfon, Koshg‘ar xonliklarini insofga keltirib, qirg‘izlar bilan shartnoma tuzib, ittifoqdoshlardan iborat yagona lashkar barpo etadi va imkon qadar Issiqko‘lni yovdan himoya qiladi.

«Agar birlik bo‘lmaganda Sibirdan muntazam qurol-yaroq, askarlar zahirasi olib turgan jung‘orlar turkiy xalqlarni batamom qirib tashlardilar. Chunki, hali turkiylar ixtiyorida o‘q otadigan bitta ham miltiq yo‘q edi. Shubhasiz, turkiy qavmlarning har biri tarqoq holida mahv etilardi», deb yozadilar muarrixlar.

Bizning xalqlarimiz qadim zamonlardan buyon bir tanu bir jon bo‘lib yashaganlari bois turkiy xalqlarning nasriy asarlarida, og‘zaki ijodida qalmiqlar bilan jungarlar asosiy dushman sifatida talqin qilinadi. Hatto ming yoshga to‘lgan «Manas» eposida ham qalmiqlar asosiy dushman sifatida ko‘rsatiladi. Manas va qirq botir bilan o‘sha xalq o‘rtasida jang-jadal bo‘ladi. Bu doston ko‘chmanchilar madaniyatini yuksaltiradi.

Shoxonov. «Manas» eposining 1000 yilligi nishonlangan tantanalarda turli mamlakatlarning davlat rahbarlari, adabiyot va san’at namoyandalari ishtirok etdilar. Qirg‘iziston Respublikasining Prezidenti Asqar Aqaevdan so‘ng Siz minbarga ko‘tarilib nutq so‘zladingiz. Keyingi yillarda men bu qadar shoirona, ilhombaxsh nutqni eshitmagan edim. Zalda o‘tirganlar tez-tez qarsak chalishib, nutqingizni bo‘lib turdilar. Tanaffus paytida ko‘pchilik ajoyib nutq so‘zlaganingiz uchun Sizni chin dildan qutladi. O’sha payt men jo‘rttaga qovog‘imni solib yoningizga bordim-da: «Nutqingiz nutq bo‘lmadi», dedim. Atrofingizda turgan odamlar hayron bo‘lib qolishdi. O’zingiz ham xijolat chekib: «Senga ma’qul bo‘lmadimi?» deb so‘radingiz. «Yo‘q, Sizning nutqingiz nutqqa o‘xshamadi, balki go‘zal she’rga o‘xshadi», dedim. Atrofdagi odamlar birdan jonlanib, kulib yuborishdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:39:35
Elista shahridan kelib, tantanalarda qatnashgan taniqli qalmiq, shoiri Dovud Qugultinov: «Manas» yubileyini o‘tkazayotganlaring uchun qalmiq xalqidan minnatdor bo‘lishlaring kerak. Agar qalmiqlar kuchsiz dushman bo‘lganda bormi, Manas ham buyuk botir sifatida mashhur bo‘lib ketmasdi», dedi hazil aralash.

Tirik paytidayoq mumtoz shoir sifatida tan olingan insonning samimiy so‘zlari tinglovchilar qalbida iliq taassurot qoldirdi. U yuksak minbardan turib, «Manas»ning boshqa xalqlar uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanini isbotlab berdi. Xitoyda Manas nomida shahar bor, Manas nomida daryo bor. Yaponiyada Sematey nomli shahar bor. Lotin Amerikasida ham Manas nomi bilan ataladigan shahar bor. Hindular o‘rtasida ham «Manas» dostoni mashhur. Bundan tashqari, yaponlarning «Man’yosyu» nomli dostoni bor. Manasning qarorgohi O’zgandda bo‘lsa, yozliq yaylovlari Qozog‘istonda. Koreyada Manas nomli tog‘ bor. Qrimda esa Manas nomli burun bor. Mojoristonda Manas nomli qishloq bor. Bular faqat daryodan tomchi, xolos. Demak, Manas botirning jasoratini dunyoning yarmi biladi deyishimiz mumkin. Xo‘sh, bundan ortiq baxt bo‘ladimi? Mana shunday buyuk eposga ega bo‘lgan qirg‘iz xalqi ham ulug‘ emasmi? Yubileyda Dovud Qugultinov shular to‘g‘risida gapirdi va o‘zining bilimdonligini olijanob inson ekanini yana bir bora namoyon qildi.

Agar avvalgi mavzuga qaytadigan bo‘lsak, e’tirof etmoq lozimki, insoniyat ongidan tarixiy xotirani butkul o‘chirib tashlash uchun bizning yozuvimizga, madaniyatimizga to‘rt marta tajovuz qiladilar. Arab va mo‘g‘il bosqinidan so‘ng, uchinchi bosqin Rossiya imperiyasi tomonidan uyushtirildi. Biz o‘z mustaqilligimizni yo‘qotib, unga qaram bo‘lib qoldik. Turkiy xalqlarni o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlariga jalb etish, mag‘lub elatlarning madaniyatini yangi madaniyat bilan qorishtirib yuborish uchun bosqinchilar texnikaviy va siyosiy ustunlik imkoniyatlaridan foydalandilar. Bu hol bizning milliy hayotimizda o‘zgarishlar ro‘y berishiga sababchi bo‘ldi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:42:55
Aytmatov. Muxtor, bu masalada o‘ziga xos dialektika mavjud. Ruslarning bosqini natijasida boshimizga misli ko‘rilmagan musibatlar tushgan bo‘lsa-da, ammo biz uchun foydali tomonlari ham bor. Bu foyda— dunyo va Yevropa taraqqiyotiga oshno bo‘lganimiz bilan  bog‘liqdir. Aks holda, Sho‘ro tuzumidan so‘ng mustaqillikni qo‘lga kiritib, zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitga ega bo‘lmasdik. Buning uchun ma’lum bir tayyorgarlik bo‘lishi kerak edi.

Shoxonov. Ha umuman olib qaralsa, xuddi shunday. Lekin, bular nimaning evaziga qo‘lga kiritildi?! Milliy madaniyatimiz omuxta bo‘lib, yo‘q bo‘lib ketish arafasiga kelib qoldi. Barcha imperiyalarning mohiyati shunaqa bo‘ladi. Hozir shunga o‘xshash hodisa Xitoyda tibet va uyg‘ur xalqlariga nisbatan ro‘y beryapti: xo‘sh, ular imperiyaning tazyiqlari ostida o‘zlarining milliyligini saqlab qolarmikan? Bu nihoyatda jiddiy masala.

Rossiya imperiyasi hukmron bo‘lgan davrda qozoq bilan qirg‘iz tuprog‘ida Alekseevka, Nikolaevka, Aleksandrovka, Vladimirovka, Antonovka, Nadejdinovka, Pavlovka kabi ikki yuzdan ortiq qishloq paydo bo‘ldi. Sho‘ro hokimiyati yillarida turli-tuman bahonalar bilan mahalliy aholini ruslashtirish jarayoni chorizm davridagiga nisbatan ancha yuqori sur’atda ro‘y berdi. Bu borada Stalin chor hukumatining amaldori bo‘lmasa-da, lekin mustamlakachilik siyosatining ashaddiy merosxo‘ri ekanini yaqqol namoyon qildi. Gap shundaki, gurjilar har doim Turkiyani azaliy dushman deb bilardilar. Imperiya qaramog‘idagi turkiy xalqlar esa «buyuk dohiy» uchun baribir yov hisoblanadi. Usmonli turklar ham, Turkiston turklari ham «t» harfi bilan boshlanadigan millat vakillari bo‘lgani tufayli go‘yoki gurjilarning dushmani edi. Agar bu turkiy xalqlar ajratib yuborilmasa, ular turkparastlik yo‘lidan ketishi mumkin, deb o‘ylaydi Stalin. Biroq, arab imlosini birdaniga kirillitsaga almashtirishga botinmaydi: 20-yillarning o‘rtalarida turkiy xalklar lotin alifbosidan foydalanishi kerak deb, maxsus qaror qabul qiladi. Allaqachon arab imlosiga o‘rganib ketgan xalqlar qaytadan savod chiqarishga majbur bo‘ladilar. Bu gal ular lotin imlosini o‘rganadilar. Arab imlosida yozilgan va shu imloda nashr etilgan barcha kitoblar eskilik sarqitlari sifatida yig‘ib olinadi, kuydirib yuboriladi. Arab imlosida yozilgan barcha qog‘ozlar, arxivlar, hujjatlar Qur’oni karimdan ko‘chirmalar, mullalarning fikr-mulohazalari sifatida badnom etiladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:46:59
Shunday qilib, bizning madaniyatimiz bilan tilimizga nisbatan to‘rtinchi marta tajovuz boshlanadi: Gurjiston, Armaniston, Boltiqbo‘yi respublikalari istisno qilingan holda Sovet Ittifoqidagi barcha xalqlar 1940 yilda yoppasiga yangi — kirill imlosiga o‘tkaziladi. Go‘yo anavi istisno qilingan xalqlarning imlosi ming yillik tarixga ega bo‘lgani sababli alifbosi o‘zgartirilmaydi. Biz bo‘lsak, qaytatdan yozishni, o‘qishni o‘rgandik. Eng alam qiladigan joyi shundaki, kirill alifbosida yo‘q bo‘lgan tovush va harflar turkiy xalqlarning tilida mavjud edi; bu masalani hal etish uchun markazdan yuborilgan maxsus komissiya ishga kirishadi. Barcha turkiy xalqlarda ә, ү, с–, q, ‘, g‘, ң, ө, ұ tovushlari bor. To‘satdan ma’lum bo‘lib qoladiki, bu tovushlar turkiylarda har xil ko‘rinishlarda yozilar emish! Jonli so‘zlashuv paytida shundoq ham tushunarli bo‘lgan tovushlar imloga ko‘chirilgach, mutlaqo tushunarsiz bo‘lib qoladi. Kirill alifbosiga ko‘chirilgach, bizning turkiy xalqlarimiz bir-birlarini tanimay qoldilar, bir-birlarining xatlarini o‘qiyolmasdan qoldilar. Bu holat bizning umumiy madaniyatimizga misli ko‘rilmagan darajada zarar yetkazdi. Shunday qilib, biz qondoshlarimizning kitoblarini faqat tarjima yordamida o‘qishga majbur bo‘ldik.

Turkiy xalkdarning yozuvi, alifbosi nima bo‘ldi?! Axir, o‘n asr mobaynida arab imlosi bizga qo‘l kelmaganmi?! Bizning qadimiy yozuvimiz to‘g‘risida hech kim bosh qotirmadi. Arab va lotin alifbolarida nashr etilgan kitoblarimizdan mahrum bo‘ldik. Yana-tag‘in tarixiy ildizimiz qirqildi.

Aytmatov. Ha, bunday haq gaplar odamning yurak-bag‘rini ezib yuboradi. Biroq, hamma narsaga muayyan bir nuqtai nazardan qaramoq lozim: xo‘sh, nimalarni yo‘qotib, nimalarga erishdik? Rus madaniyati bizni murakkab jarayonga jalb etdi: madaniyatimiz omuxta bo‘la boshladi, lekin ayni paytda XX asr Yevropa taraqqiyotining asoslari bilan milliy madaniyatimiz xiyla yuksaldi. Din masalasiga kelsak, din hech qachon o‘lmaydi — tezda o‘zini tiklab oladi. Siyosiy, ma’naviy kurash har doim xalqlarni jiddiy sinovlardan o‘tkazib kelgani kabi hayotga monand ravishda diniy e’tiqod ham islohotga uchrashi mumkin. Lekin, xalqlar bir bo‘lsa, tillari bir bo‘lsa, orzu-istaklari va dinlari ham bir bo‘lsa, hech qanday davr shamoli ularni yo‘ldan ozdirishga qodir emas.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:48:54
Din paydo bo‘lgan vaqtidan beri insonni tarbiyalash vazifasini bajaradi. Din — murabbiy. Yer yuzasida dinlar, mazhablar ko‘p bo‘lsa-da, ammo asosiy dinlar to‘rt-beshtadan oshmaydi. Iso Maseh — nasroniylikka, Gautama Budda — buddizmga, Zardo‘sht — otashparastlikka, Muso yahudiylar sig‘inadigan iudachilikka, Muhammad payg‘ambar esa islom diniga asos solganlar. Islom dunyodagi eng buyuk dinlardan biridir.

Agar barcha diniy e’tiqodlarga rioya qilinsa, Olloh yagonadir. Barcha dinlar insoniyatni halollikka, adolatga, poklikka, odamiylikka undaydi.
Nadomatlar bo‘lg‘aykim, ko‘p asrlar davomida ayrim dinlar hokimiyat qo‘lidagi mustamlaka, zulm-zalolat quroli bo‘lib keldi. Siyosatchilar dinni o‘z manfaatlariga xizmat qildirdi. Xuddi salib yurishlari davridagi kabi din bir xalqni boshqa xalqqa gij-gijlash vositasi bo‘ldi. Hozir ham mutaassiblik tarafdorlari boshqa e’tiqodni tutgan kishilarga toqat qilolmaydi, g‘ayridinlarga nisbatan nafrat ruhini kuchaytirmoqchi bo‘ladilar. Biroq, mening nazarimda, bunday say’-harakatlar haqiqiy taqvodorlikka, Ollohga haqiqiy e’tiqodga hech qanday aloqador emas. Shunday bo‘lishiga ishongim keladi.

Shoxonov. Juda to‘g‘ri gaplarni aytdingiz. O’z vaqtida yon daftarimga xalqlarimizning madaniy, adabiy yodgorliklarining ro‘yxatini yozib olganman. Imkon bo‘lsa, nusxa ko‘chirib qo‘yganman. Xullas, bizning kitoblarimiz qaerlarda ekanini bilmoqchi bo‘lganman. Masalan, M. Davlatovning she’riy turkumi e’lon qilingan (1907 y.) «Serka» jurnali Tokioda ekan. A. Boytursunovning «Til qurali» kitobi (1920 y.) Nyu-Yorkda, «O’g‘uznoma» (XIII—XV asrlar), «Boburnoma», «Tarixi Abulxayrixon», shuningdek, xorijiy tillarda yozilgan uch kitobdan iborat Qozog‘iston to‘g‘risidagi qaydlar Parij va Londonda, «Qo‘rqut ota kitobi» (IX asr) Vatikanda, «Humo qushi qo‘shig‘i» (XIV asr) Venetsiyada,  Yusuf Bolosog‘uniyning  «Qutadg‘u bilig» kitobi (II asr, 600 sahifa) Hirotda, «Al-kitobul g‘il-miniy» (1734 y.) va Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘otit turk» (1074 y.) kitoblari, Xoja Ahmad Yassaviyning «Devoni hikmat»i (XII a.) Istanbulda saqlanmoqda. Oktyabr to‘ntarishiga qadar qozoq tilida nashr etilgan to‘rt mingdan ortiq kitoblar Moskva, Qozon, Ufa, Yerevan, Kiev, Minsk, Ashxobod, Namangan, Samarqand shaharlaridagi kutubxonalarda, arxiv fondlarida ayni chog‘da saqlanib turibdi. Bu haqda zarur ma’lumotnomalar bor. XVI—XVII asrlarda armani alifboda yozilib, bizning tariximiz, shajaramiz to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni jamlagan «Dono Hiqor so‘zi» nomli kitob shu kunlari Armaniston ibodatxonalaridan birida yoki Yerevandagi fondlarda saqlanayotir. Bu kitobni hozirgacha topib bo‘lmadi. Turkiy xalqlar tarixi haqidagi bebaho kitoblarni chang bosgan arxivlardan kup yillar mobaynida tatar olimi A.Karimullin g‘oyat sabr-toqat bilan izladi va kartoteka tuzdi. Albatta, uning otasiga ming-ming rahmat!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:50:24
Aytmatov. G’oz pati bilan yozilib, o‘z zamonasida turkiy xalqlar hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, turkiy tarix va madaniyatning so‘nib kelishiga imkon bermagan, balki yanada rivojlantirgan, dunyoqarashlarimizni kengaytirgan har bir qadimiy kitob, shak-shubhasiz, mehr-muhabbatimizga loyiqdir. Ana shu savobli masalaga diqqatimizni qaratib, juda to‘g‘ri qilyapsan.

Umuman, dunyoda nechta til bor ekan? Dunyodagi tillarning aniq miqdorini hozirgacha hech kim bilmaydi. Yer yuzasida hammasi bo‘lib ikki yarim mingdan to besh mingga qadar millat va elat mavjud. Zotan, ularning har biri o‘zining ona tilida gaplashadi, har bir xalqning tarixi ham o‘ziga xosdir, boshqalarnikiga aslo o‘xshamaydi. Ayni chog‘da ularning til tarixi ham ajoyibdir.

Shoxonov. 1919 yidda endigina tashkil topgan Turkiston respublikasining musulmon byurosiga qozoq xalqining otashin farzandi, atoqli jamoat arbobi, taniqli inqilobchi Turor Risqulov rais etib tayinlanadi. N. Xo‘jaev, Y. Aliev, Y. Ibrohimov, A. Muhiddinov kabi turkiy xalqlarning vakillari ham byuro a’zolari edilar. O’sha paytda Turkiston respublikasida yashaydigan aholining to‘qson besh foizi nomidan yoki barcha musulmonlar nomidan yagona markaz rahbarlik qiladi, ya’ni barcha musulmonlarning iqtisodiy, madaniy, harbiy siyosati bitta markazga bo‘ysundiriladi degan to‘xtamga keladilar.

Rossiya imperiyasining merosxo‘rlari sifatida bolsheviklar ham O’rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlariga nisbatan mustamlakachilik siyosatini davom ettirishi mumkinligini juda yaxshi bilganliklari uchun ham ular birlik g‘oyasini, markazlashtirish g‘oyasini ilgari suradilar va shu yo‘sinda mamlakat madaniyatini, iqtisodiyotini rivojlantirmoqni ko‘zlaydilar. Turkistonni birlashtirish g‘oyasini dadil ko‘tarib chiqqan zotlar til va din birligi asosida yagona alifboni hayotga tadbiq etmoqchi bo‘ladilar. Biroq, Turkiston respublikasi rahbarlarining tashabbusidan qo‘rqib ketgan Moskva hukumati darhol musulmon byurosini tarqatib yuboradi va O’rta Osiyo va Qozog‘istonda bir-biridan ayrilgan ittifoqdosh respublikalar tuzishga kirishadilar. Ularni albatta markazdan bir kishi boshqarib o‘tirardi. Risqulov kabi davlat arboblarining taqdiri naqadar ayanchli bo‘lganini juda yaxshi bilamiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 24 Mart 2009, 18:51:07
Aytmatov. Biz o‘tmishimizni o‘z qo‘llarimiz bilan sindirib tashladik, o‘z oyoqlarimiz bilan yerga toptab yubordik. O’zimizning johilligimiz tufayli buyuk g‘oya so‘nib ketdi. Agar xalq xotirasi o‘sha g‘oyani uyg‘otmasa, xalqning o‘zi o‘sha g‘oyani ko‘tarmasa, endi uni hayotga qaytarish nihoyatda mashaqqatli bo‘ladi. Aksincha, ezgu niyatni ko‘zlab boshlangan qutlug‘ ishlar mutlaqo teskari natija berishi ham hech gap emas. Xudoga shukrki, o‘tmishda aziyat chekkan din, til, madaniyat namoyandalari oldidagi qarzlarimizni endi uzyapmiz. Repressiya yillarida nohaq mahv etilgan insonlarning nomlari oqlanyapti. Hozir biz og‘ir yillarda qurbon bo‘lgan insonlar xotirasi oldida, stalincha repressiya va ocharchilik qurbonlarining xotirasi oldida bosh egamiz, ularning ruhlariga bag‘ishlab ma’rakalar utkazamiz.

Biz ko‘pincha tarixning haqiqiy xo‘jayini xalq deymiz. Aslida, tarixni zamon va shart-sharoit harakatga keltiradi. Bizning ota-bobolarimizning taqdiri, hayoti mana shu ikki o‘lcham bilan chambarchas bog‘liq holda kechdi. Gohida ular jahon ahamiyatiga molik tarixni yaratdilar. Ularning g‘alabasi va mag‘lubiyati, quvonch va tashvishlari to‘la-to‘kisligicha tarixiy solnomalarda, shajaraviy kitoblarda qayd etilmagan bo‘lsa-da, lekin ularning ajoyib olami, ko‘chmanchi xalqning ruhiyati do‘mbirayu qo‘bizlar tovushi vositasida, oqinlar va jirovlar tovushida kelajakka — avloddarga yetib keldi.

Shoxonov. Tarixdagi, xalq bosib o‘tgan yo‘ldagi har bir sahifa biz uchun azizdir. Shunday bo‘lsa-da, mustaqil qozoqlarning yilnomasida ketma-ket sodir bo‘lgan to‘rt tarixiy hodisa alohida qayd etilmog‘i lozim.

1456 yilda qozoq xalqi Shayboniylarning qo‘l ostidan chiqib, o‘zlarining mustaqil davlatlarini barpo etadi. Bu sanaga roppa-rosa 540 yil bo‘ldi. O’z tuprog‘ida yashab, rivojlanayotgan xalq uchun o‘z tiliga, o‘z madaniyatiga ega bo‘lish ham, til va madaniyat, ma’naviyat taraqqiyotida sezilarli darajada muvaffaqiyat qozonish ham tarix sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ladi. Hazil gap emas bu. Kelajak avlod oldida yanada sharafli vazifa turibdiki ular dastlabki qozoq xonlarining muborak nomlarini tarix shohsupasiga ko‘tarib qo‘yishlari lozim. Tarix sahifalariga ularning nomlarini zarhal harflar bilan yozmoqlari ham qarz, ham farzdir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:13:20
Keyingi besh yuz yil mobaynida shafqatsiz, vahshiy dushmanlarga bot-bot yuzma-yuz bo‘lgan, ko‘plab bosqinlarga va qonli to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lgan qozoq xalqi ozodlik va mustaqillik yo‘lida uch yuzdan ortiq har xil muhorabalarda qatnashadi. O’zini o‘zi ozod qilish uchun tinimsiz kurash olib boradi. Ular orasidagi eng yirik kurash jung‘arlarga qarshi qaratilgan bo‘lib, ikki yuz yildan ortiq davom etadi va g‘alaba bilan yakunlanadi. Bu kurash butun qozoq dashtlarini qamrab oladi.

Shuningdek, 1916 yilgi qo‘zg‘olon ham muhim tarixiy ahamiyatga ega. Birinchi jahon urushi jabhalariga mardikorlikka olinayotgan qozoqlarga nisbatan adolatsizlik qilinadi. Natijada xalq yoppasiga bosh ko‘taradi. Bu kurash g‘alaba bilan yakunlanmagan esa-da, ammo xalqni birlashtirish, jipslashtirish ma’nosida alohida qimmatga ega bo‘ldi.

Totalitar tartiblarga, yetmish yildan ortiqroq davom etgan zulm-zalolatga, xo‘rlikka qarshi qaratilgan va demokratik o‘zgarishlarning qaldirg‘ochi bo‘lgan 1986 yil dekabr oyidagi Olmaotada ro‘y bergan voqealar o‘z vaqtida butun dunyoni larzaga solib yuboradi. Odatda, tarixiy hodisalar yillar o‘tgani sari xiralashib, afsonalarga aylanib ketadi. Lekin, ahamiyati borgan sari yaqqolroq namoyon bo‘laveradi. Bu 500 yildan buyon ozodlik va mustaqillik uchun kurashayotgan xalqning eng oxirgi xohish-irodasining yorqin namoyishi bo‘ldi.

Mana shu to‘rt tarixiy hodisa go‘yo xalqning ozodlik kurashining timsoliga o‘xshaydi. Bu kurash har bir qozoq uchun naqadar aziz ekani to‘g‘risida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Har bir turkiy mamlakat tarixida mana shunday yorqin sahifalar bor.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:15:54
Aytmatov. Mustabidlar tarixni yaratadi, xalq esa tarix hayotini yaratadi. Mana shu g‘alati hikmatda qandaydir umumiylik mavjud, ayni paytda qarama-qarshilik ham bor. Har qanday davrda mustabidlar mansab uchun, toj-taxt uchun har qancha qurbonlik bo‘lsa berganlar. Har qachon olomon ham, yakka-yolg‘iz kimsa ham bir-biridan qarzdor bo‘lib qoladi. Bu haqda gapirmasa ham bo‘ladi.

«Tarixi yo‘q xalq ota-onasiz qolgan yetim bolaga o‘xshaydi; u hamma narsaga boshdan o‘rganadi, hamma narsani yangitdan o‘rganadi. Xalqni biror narsaga o‘rgatish uchun yuksak nufuzdan imkon qadar unumliroq foydalanish kerak. Tarixiy xotirasidan mahrum bo‘lgan xalq go‘yo nozik novdaga o‘xshaydi — uni qaysi tarafga egsang — bas, o‘sha tarafga qarab o‘saveradi», degan gaplarda haqiqat bor. Afsuski, totalitar tartiblar hukm surgan davrda biz o‘z ixtiyorimiz bilan qaramlikni bo‘ynimizga oldik; yaralarimizdan qon tomib turgan bo‘lsa-da unga zarracha e’tibor bermadik, tariximizni sinchiklab o‘rganmadik, aksincha, o‘zga mamlakatlar tarixini o‘rgandik va o‘zgalar tarixini o‘zimiznikiga nisbatan yaxshiroq bilib oldik. Bu bir tomonlama mafkuraning samarasi o‘laroq ro‘y berdi. Tarix fani o‘zimiznikiga va o‘zgalarnikiga ajratildi: o‘z uyimizda yetim bo‘lib qolganimiz bois aynan o‘zgalarning tarixi bizniki bo‘lib qoldi. Axir, qadim zamonlardan boshlangan tariximiz qo‘liga qalam ushlab olgan zamonaviy olim-qassoblar tomonidan buzib yozilmadimi?! Vaqt o‘tishi bilan nahot ularning dunyoqarashi birdan o‘zgarib qolgan bo‘lsa?! Axir, ular hamon tarafkashlik qilayotir-ku! Axir, tariximizga munosabati yaxshilanib qolmagan-ku!

Yaxshimi-yomonmi, har bir xalqning o‘z tarixi, o‘tmishi bor. Shu bois insoniyatdan yomon tomonlarni yashirib, faqat yaxshi tomonlarni ko‘z-ko‘zlab, o‘z tarixini har xil bo‘yoq-bezaklar bilan jimjimador qilib, uni bir-biriga mos kelmaydigan matahlar bilan yamab-yasqab o‘tirish kechirib bo‘lmaydigan holdir. Axir, har bir yangi avlod o‘z hayotini boshqa mamlakatlarda ro‘y bergan ko‘tarilish, taraqqiyot bilan taqqoslab ko‘radi va tanazzul sabablarini qidiradi. Agar tanazzul sabablarini to‘g‘ri topsa, endi o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslikka intiladi, to‘g‘ri yo‘lga tushib olishga harakat qiladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:20:02
Og‘ir siyosiy davrda haqiqatdan chekingan tarixchilarni, xuddi qumloqqa chiqib, suvsiz qolgan baliqday bir alfozga tushib yashagan tarixchilarni, yuqoridan ko‘rsatilgan yo‘ldan yurishga majbur bo‘lgan tarixchilarni, o‘sha ko‘rsatmalar kasofati bilan haqiqatdan xiyla olislashib ketgan tarixchilarni, haligacha o‘zlarini olimlar qatoriga qo‘shib yurgan o‘shanday kimsalarni o‘zining haqiqiy tarixi uchun kurashgan va bu yo‘lda qurbon bo‘lgan zotlarning ruhi kechirsin...

Ikkovimiz ham ushbu tarixiy mavzudagi suhbatga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida «Dunyo tarixi»ni, «O’rta asrlar tarixi»ni va boshqa shunga o‘xshagan kitoblarni yana bir bora o‘qib chiqdik. Tarixiy mavzudagi eski qaydlarimizni tahlil etib ko‘rdik, tarix kitoblarini qalb ko‘zi bilan mutolaa qildik. Ayrim voqealar, shart-sharoitlar ziyraklik bilan tahlildan o‘tkazilsa, tekshirib ko‘rilsa, goh ko‘ngulda shubha uyg‘otadi, goh yangi fikr-mulohazalarga sabab bo‘ladi. Lekin, hammasi uchun birdek aloqador bo‘lgan jihat ham bor. Bu jihat quyidagicha: Rim, Eron, Yaponiya, Hindiston, Xitoy kabi davlatlarning ko‘p jildlik tarixlari, salmoqli tarixiy tadqiqotlari ularning nuqtai nazaridan, o‘z vatanida qaror topgan tarix fani nuqtai nazaridan turib, sinashta yo‘llarda yoziladi. Nazarimda, bir qirg‘oqdan boshqa qirg‘oqqa sakrab yuradigan tarixchi albatta halokatga uchraydi. Chunki, u o‘tkinchi foydani ko‘zlab, shunga mos keladigan «haqiqat»ni topish uchun goh uyoqdagi talqinga yopishadi, goh buyoqdagi manbaga o‘zini otadi. Afsuski, shunday holat bizga o‘zimizning asil tariximizni yaratishimizga hamon halaqit berayotir. Shu paytgacha tadqiq etilgan, haqqoniy, halol tarixiy kontseptsiyamizni yarata olmadik. Avlodlarimizning ham mulki bo‘lib qoladigan tarix hali yaratilmadi.

Menimcha, eng bilimdon, asosli fikrlaydigan, tashabbuskor tarixchilardan iborat maxsus hay’at tuzilib, qadimiy zamonlardan to hozirgi kunlargacha bo‘lgan tariximiz qayta yozilishi va «Dunyo xalqlarining tarixi» qayta ko‘zdan kechirilib, nashrga hozirlanishi lozim. Boyagi ha’aytga har bir xalqning vakillari a’zo bo‘lishi darkor. Shunday savobli ishni boshlaydigan vaqt allaqachon yetib kelgan. Biroq, mana shu muhim vazifani o‘z zimmasiga olib, turli mamlakat tadqiqotchilarining boshini qovushtirib, orqasidan ergashtirib ketadigan akademiya bormikan? Balki, bu vazifani YUNESKO o‘z zimmasiga olarmikan? Yoki BMTning birorta bo‘limi homiylik qiladimi? Ishqilib, nima bo‘lganda ham insoniyat mana shu sayyorada yashayotganidan beri nimalar qilganini haqqoniy, gumanistik nuqtai nazardan baholash uchun barcha kuchlarimizni birlashtirib ishlaydigan vaqt keldi. Taraqqiyot davri ham, tanazzul davri ham, mayda-chuyda tafsilotlar ham e’tibordan soqit qilinmagan holda insoniyat faoliyati asrma-asr, bosqichma-bosqich haqqoniy aks ettirilishi zarur. Kam sonli elatlarni yerga urmasdan, ko‘p sonli xalqlarni ko‘klarga ko‘tarmasdan bu ishlar amalga oshirilishi kerak. Aks holda, biz o‘zimizning milliy xudbinligimizni yengib o‘ta olmaymiz va har birimiz yana-tag‘in o‘zimizning milliy botqog‘imizga botib yotaveramiz. Aynan milliy xudbinlik ko‘p hollarda qon to‘kilishiga sabab bo‘lgan edi; qancha-qancha begunoh odamlar qurbon bo‘lishiga milliy xudbinlik bosh aybdor bo‘ladi. Bir guruh madhiyabozlar esa qonxo‘r mustabidlar sha’niga hamd-sanolar uqiydi, ularni hayot paytida ilohiylashtiradi, qahramonlar darajasiga ko‘taradi.

Agar mamlakatlar tarixi yozilayotgan paytda uning sahifalaridan hatto birgina harf tushib qolsa, bu faqat bugungi kunimizga ta’sir etib qolmasdan, balki kelajak avlod taqdiriga ham ta’sirini o‘tkazadi. Zimmamizda mas’uliyatli vazifa turganini mudom yodimizda saqlamog‘imiz lozim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:22:09
AYOLLAR BIZNING TAQDIRIMIZDA
YOKI
OSHIQ-MA’SHUQLARNING NAZMIY OQSHOMI

XX asrda insoniyat ikki marta jahon urushiga va ko‘plab mintaqaviy doiradagi xunrezliklarga guvoh bo‘ldi. Yadroviy sinovlar, halokatli zilzilalar, kosmosni o‘zlashtirish va shu bilan bog‘liq bo‘lgan yuksak ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ham ro‘y berdi. Ayni paytda bobolarimizning ming-ming yillik tajribalari natijasida sinovlardan o‘tib sayqal topgan ma’naviy-axloqiy mezonlar misli ko‘rilmagan darajada tubanlashib ketdi. Muhabbat deb atalmish buyuk tuyg‘u — hayot manbai, hayotni harakatga keltiradigan qudratli kuch ham o‘zining asil mavqeini yo‘qotib borayotir, yoshlar tomonidan behuda ermakka aylantirilib qo‘yilyapti. Mening nazarimda, insoniyat istiqomat qiladigan jamiyat uchun faqat yadroviy urushgina bundan dahshatliroq xavf solishi mumkin...

Chingiz Aytmatov

Muhabbat-la o‘tgan kunlar — asil hayotdir,
Muhabbatsiz yashalgan kun — shunchaki kundir...


Muxtor Shoxonov
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:27:11
Shoxonov. Chike, biz kabi ruhan yaqin ikki erkak mangu mavzu to‘g‘risida gaplashsa nima buladi?

Aytmatov. Eshik-derazalar zichlab yopilganiga
qaraganda, endi gap ayollar to‘g‘risida ketadi, shekilli?

Shoxonov. Ha. O’ylaymanki, tiriklikning bosh sababchisi bo‘lmish Ayollar to‘g‘risida fikr almashadigan payt keldi.

Aytmatov. Unday bulsa, suhbatimiz jonlanib ketishi uchun «Ayollar» nomli she’ringni o‘qib bergin! So‘ng o‘tgan-ketgan gaplarni eslaymiz. Bir vaqtlar Labryueyr: «Ko‘plab har xil yoqimli, muloyim tovushlar ichra eng rohatlisi suyukli ayolning tovushidir», degan edi. Qalbimizdagi nurlar bir oz xiralashib qolgan bo‘lsa-da, lekin hamon biz uchun aziz bo‘lmish siymolar, mayli, jonlansin.

Bitta gapni oldindan kelishib qo‘yamiz. Suhbatimiz mobaynida she’rlaringdan tez-tez o‘qib turasan. Ushbu suhbatimiz ayollarga bag‘ishlangan o‘ziga xos nazm oqshomi bo‘la qolsin!

Shoxonov. Roziman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:28:20
O’tirardim oftob ro‘yada,
rangim somon, mahzun, bemajol.
Kaftim ushlab folbin — go‘yanda,
taqdirimdan beradi xabar:
— Dard o‘tadi.
Po‘rsildoq lablar
rangi kiradi!
Ammo, sizni chulg‘agan isitma
boshqa dardning alomatidir.
Aylanadi, hech boshdan ketmas —
to‘rt oyimning «karomati»dir.
«Sevgi, — deysiz, — hadsiz jasorat», —
Shoir, siz-da o‘zingizcha haq.
Sevgi yo‘qdir, yo‘qdir she’riyat.
Sevgi bilan go‘zallik barhaq.
Biroq bizday o‘tkir folbinlar
aytganiga quloq ham tuting.
Baxt ham anduh kelar oyimdan,
duch kelishsa jadallab o‘ting!..
Yayrab kuldim: «Foling bebaho!
Ko‘nglimdagin topib aytding, zo‘r!
Shahardagi folbinlar, bilsang,
bu ketishda ishsiz kolar zor!»
Asli, folbin bitta bahona
yurakdagi dardni to‘kishga.
Ayol haqda tinglaysan qonib
rivoyatlar, turli mish-mishlar.
So‘zni so‘zga ayol bog‘laydi,
tanadagi xuddi o‘q tomir.
Kimni suyub, kimni dog‘laydi,
goho olov, gohida yomg‘ir.
Kim bilmasa ayolning qadrin
erkak emas mutlaqo hargiz...
Oynaday muz — muhabbat yo‘li,
omonatdir hayoting, umring.
Shu boisdan mahkam tut qo‘ling,
tayg‘onasan, bo‘sh qo‘ygan kuning!
Ayol bordir — rohat-farog‘at,
ayolki bor — butun kasofat.
O’tda yoqar bizni muhabbat,
rashk degani qopqon qo‘yadi.
Manov yerda yotar yosh yigit,
ayolni deb ko‘zin o‘yishgan.
Ilionda yunonlar misol
ayol uchun jang qilgan elat.
O, Yolena!
Joni sabil, yonoqlari ol,
barcha o‘ldi, sen hamon tirik!
Yurtning suyuk ne-ne shoiri
ayolni deb yondilar o‘tda.
Himoyalab ayol sha’nini
bir-biriga ajallar otdi.
Basharasi sovuq oyimlar
ko‘tarildi xalqning yodidan.
Otash bo‘lib issiq bermasang,
ayol bo‘lib, bo‘lmasang Ayol.
Sen kimlarning zotisan?
Qalb tubida asil go‘zallik,
meva bermas ustki yaltiroq.
Yalt-yult etsa bilgin, sayozlik,
qalb kemasi topmaydi qirg‘oq!
Aldanadi tuman qo‘ynida
kapitanlar ushbu o‘yinda.
Yo‘q, ayollar sayoz daryomas,
or-nomusning qal’asi,
erkaklarning na’rasi.
Shunday ayol yor bo‘lishin
orzu qilar yigitlarning
hammasi.
Yana shunday odat yo‘q emas:
yuksaklarga otilsang,
shu go‘zalning qoshida
ikkilanmay jon bersang,
olib chiqsang tundan quyoshga.
Biroq...
Bunday bo‘lmas har qachon ham,
ko‘pincha baxtdan yaqin g‘am.
Har kim etmas jonini qurbon,
shon-shavkat yo‘q, agar ma’ni kam.
Ma’ni esa go‘zallikka
chanqoqlikdan tug‘ilar.

So‘lib qolgan zanjabilday
fidoyida qanot yo‘qligi
menga ma’lum azaldan...

Muhabbat, sen meni tark etma,
yuragimda so‘ndirma o‘tni.
Ishonganim — qalbimda yurtni,
bir ayolni sevganim sevgan!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:30:29
Aytmatov. Azizim, Muxtor, ishonasanmi-yo‘qmi, she’ringni tinglab o‘tirib, boshqa davrda yashagan, boshqa xalqning shoiri — X asrda yashagan armani shoiri Narekatsining tovushini eshitganday bo‘ldim. Juda ajoyib! Bundan hayron bo‘lish kerakmi? Menimcha, hayron bo‘lmaslik lozim. Haqiqiy she’riyatning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u ajib tuyg‘ular, fikr-mulohazalar rishtasi bilan zamonlarni, qalblarni bir-biriga bog‘lab qo‘yadi. Ayniqsa, she’rdagi mana bu parcha menga ma’qul bo‘ldi:

Otash bo‘lib issiq bermasang,
ayol bo‘lib, bo‘lmasang Ayol.
Sen kimlarning zotisan?
Qalb tubida asil go‘zallik,
meva bermas ustki yaltiroq...


Narekatsi ham so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan fojia to‘g‘risida sog‘inib yozadi, alamlanib yozadi (yodimda qolgan misralarni aytaman, lekin mazmuni to‘g‘riligiga kafolot beraman): taqdirning bu ne jazosikim, yomg‘ir bo‘ldim, ammo yog‘ish nasib etmadi, gul bo‘ldim, ammo ochilish nasib etmadi.

Rohib bo‘lgan Narekatsi o‘z duolarini «Xudoyim, yurak qa’ridan chiqqan iltijolarimni eshitgin!» deb nomlaydi. Sen bo‘lsang, Ayolga iltijo qilasan. O’rtadagi tafovut unchalik katta emas. Shoir uchun Ayolning o‘zi Xudo! Ishqilib, U ayol orqali olamni yaratgan.

Shoirlar zimmasiga Olloh taolo tomonidan ulug‘ vazifa yuklatilgan: ular tiriklik qo‘shig‘ini davom ettirishi kerak; bir marta yaratib qo‘yilgan qo‘shiq bir damgina uzilib qolmasligi, yanada dahshatlisi — u ko‘ngulni aynitadigan shovqin-suronga aylanib ketmasligi lozim. Boz ustiga, Olam uyg‘unligini ataylab yoki bilib-bilmasdan to‘s-to‘polon qilib yuboradigan kimsalar ham yo‘q emas.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:32:09
Turkiy xalqlar, xususan, qirg‘izlar bilan qozoqlar qadim zamonlardan buyon ayolning izzat-hurmatini joyiga qo‘yishga odatlanganlar. Agar o‘g‘il bolalar yoshligidan o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas qilib tarbiyadansalar, qiz bolalar mehmon sifatida, birovning xasmi sifatida avaylab-asrab tarbiyalanadi. Qiz bola oltin yombi yoki boshqa oilaning omonati sifatida ko‘z qorachig‘iday e’zozlanadi. Bu an’ana sandiqning ostida saqlanib, avloddan avlodga meros qilib qoldiriladi. Qizaloqqa ko‘z tegmasligi uchun kennoyilarimiz bolalarning qalpoqchalariga olisdan ham ko‘rinib turadigan tumor taqib qo‘yishardi yoki ukkining patini qadab qo‘yardilar. Chunki, go‘zallik va mehr-muhabbat timsoli ehtiyot qilinsa, yaxshi nom, g‘urur, vijdon, milliylik hech qachon o‘lmaydi. Ona zotiga har doim sajda qilinardi. Mabodo o‘tov mo‘risiga — tuynukka qaldirg‘och in qurgan bo‘lsa, toki palaponlarini uchirma qilmaguncha ko‘ch-ko‘ronni yig‘ishtirib yozloqqa ko‘chib ketilmasdi. Savob va gunohning farqiga boradigan bobolarimiz tulpor tuqqan baytalni hech qachon go‘shtga topshirmasdilar, so‘ymasdilar. Shavkatli avlodga hayot in’om etgan ona har qancha e’zozlansa arziydi. Xalqimizning bunday bebaho an’analarini davom ettirishimiz shart.

Shoxonov. Kavkazda erkaklar urushayotgan bo‘lsa, hatto xundorlik bois urushayotgan bo‘lsa ham, ayol ularning o‘rtasiga oq ro‘molini tashlasa — bas, shu zahoti urush to‘xtatilgan. Bu buzib bo‘lmaydigan qonun edi.

Agar ayolning, onaning xohish-irodasiga kimdir bo‘ysunmasa, nafaqat o‘sha kimsaning o‘zi, balki bugun urug‘-aymoqlari ham isnodga qolardi.

Aytmatov. Ha, har bir jamiyat, har bir davlat ayolga nisbatan o‘z munosabatlarini, siyosatini shakllantiradi.
Inqilobdan keyin Sho‘ro hokimiyati o‘rnatilgan yillarda ocharchilik, repressiya boshlanib ketdi. Ulug‘ Vatan urushi, xonavayron bo‘lgan xo‘jaliklarni tiklash davri ayollarning ayolligini, ularning tabiatning o‘zi ato etgan asil mohiyatini unutishga majbur qildi. Aynan o‘sha yillarda ayolning nozik yelkalariga zil-zambil yuk ortib qo‘yildi. Bizning umumiy do‘stimiz bo‘lmish Yevgeniy Yevtushenkoning:

Qanday bo‘ldi, kachon yuz berdi,
unutdikmi, kim deb o‘yladik?
Yolg‘iz ayolni bulg‘adik yerga,
erkak bilan teng qilib ko‘ydik,
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:34:57
degan misralari o‘z vaqtida davr ruhiga qarshi yo‘naltirilgan bachkana ijtimoiy tanqid sifatida qoralandi. Sho‘ro hokimiyati yillarida po‘latdek mushakli ayollarni ko‘klarga ko‘tarib maqtash uchun shoir va rassomlar qanday «ilhom pari»sidan quvvat olganini hozir tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayollarning bunday toifasini ulug‘lash ancha ilgari boshlangan. Esingdami, Nekrasovda: «Yugurib ketayotgan otni to‘xtatib qoladi, yong‘in bo‘layotgan kulbaga ham kiraveradi», degan misralar bor. Ayol go‘zalligining bo‘lajak «ideal»iga o‘sha paytlardayoq asos solingandi. Keyinchalik o‘sha asos-poydevor ustiga «Kolxozchi va ishchi ayol» haykali o‘rnatildi. Bundan odamlar yaxshi ma’noda larzaga tushdilar, hayratlandilar. Bo‘lmasam-chi! «Kichkina» odam o‘zini qora terga botib yuradigan qahramon, timsol deb tasavvur eta boshladi. Hozir ularni kalaka qilish oson. Lekin, bu gaplarning orqasida juda murakkab psixologiya, mantiq, tarix, san’at turibdi. Biz ham bundan mustasno emasmiz. Ishonchim komilki, agar haykaltarosh dehqon ayolning qo‘liga bolg‘a, erkak ishchining qo‘liga o‘roq tutqazib qo‘yganda ham birov ajablanmasdi. Bema’nilikmi? Albatta. Hozirgi zamon nuqtai nazaridan shunday ko‘rinadi. Biroq, o‘sha bema’nilik bor haqiqatni aks ettirardi. Axir, ayollarning o‘zlari (ular ko‘pchilik edi!) erkaklar bilan teng huquqli ekanini ta’kidlab ko‘rsatish uchun faqat yurish-turishda emas, hatto gap-so‘zlarida, kiyinishlarida ham taqlid qilishardi-ku?!

Agar mana shunday yolg‘ondakam tenglik qanday oqibatlarga olib borishi mumkinligi to‘g‘risida jamiyat oldinroq o‘ylab ko‘rganda edi, hammasi oydin bo‘lardi.
Ha, alam qilar ekan. Bunday yo‘sinda «yangi dunyo» qurib bo‘lmasligi endi aniq bo‘ldi. Achchiq tajribamizdan tegishli xulosa chiqara olamizmi?
Esingdami, Appas Jumag‘ulovning uyida mehmon bo‘lgan paytimizda hammamiz birdan ayollar to‘g‘risidagi suhbatga berilib ketgan edik. Oramizda Asqar Aqaev ham bor edi. Sen o‘sha kuni haqiqiy erkak qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi she’ringni o‘qib, barchamizni qoyil qoldirgan eding. Men keyinchalik kitoblaringdan o‘sha she’ringni qidirib ko‘rdim, lekin topolmadim. Iltimos, o‘sha she’ringni yana bir marta o‘qib ber!

Shoxonov. Bu katta she’r. Faqat suhbat mavzusiga aloqador parchani o‘qib beraman.

Qadim O’tror shahrida
chol yashardi obro‘-hurmatli.
Oqsoqolning bor edi bitta
tulpor oti G’irko‘k kelbatli.
Fe’llik edi tulpor ko‘p,
qon oqizib suvliq chaynardi.
Tulpor haqda mish-mish gap
ovul bo‘ylab tarqaldi.
Kishnaganda eshitilar
etti tepa naridan,
o‘lib qolsa-da, ammo xumpar
suv ichmaydi ariqdan.
Man-man degan qanchalari zor,
yaqinlashga yurak betlamas.
Yaqinlashsa, qora yol tulpor
tepib tashlar, hech ham yo‘latmas.
Unga qarash zahmatli, og‘ir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:35:54
Shon-shavkatni ot ham sezadir.
Oqsoqolning bor edi yana
tengsiz go‘zal bo‘y yetgan qizi,
ikki yuzi naqsh olma-ya!
Fe’llik edi, ammo, yulduzi...
Suyar edi qizalog‘in ham,
ko‘p o‘ylardi uning taqdirin...
Qiz ham sevmas otasini kam.
Ammo, bir kun qoldi gapirib,
erkalarkan qo‘ldagi qushin,
otasiga so‘z qotdi shunday:
—   Qachongacha mish-mishlar, hujum,
Otajonim chidaysiz unga ?
—   Nima qildi? — hayron otasi, —
ochiqroq ayt, nima deganing?
—   Sotsangiz-chi, shu otingizni,
qaridingiz, kerak joningiz,
nesi bilan rom aylar sizni?
Qaysar otga xonu moningiz
sarf aylamay o‘ylang-da, bizni!
—   Qizim, haqsan, ko‘proq balki sen,
ammo, ayt-chi, kishanlangan qalb
bee’tibor qolsa so‘lmasmi?
Erkinlik deb, tug‘ilgan borki,
or-nomus, zavqi toshadi.
Arziydi ul shamolga burkab
yuragini tog‘lar oshadi.
Shu tulporim — tirik tushimdir,
o‘smirlikdan yodgorim — qashqa.
Bu olamda olijanobroq
mo‘‘jiza yo‘q otlardan boshqa.
Oh, bilmaysan, sen hali yoshsan!
Qizga boqdi ota mungayib.
O’ylab ketdi balki shu nafas
tulpor chopib o‘tgan kunlarin.
Sekin dedi nafasin yutib:
—   Fe’lini deb otni urishma,
poygalarda undadir yutuq,
temirtandan yaralgandir, surishma.
Erkin cho‘llar tug‘ilgan yurti,
shu boisdan olar uloqni.
Yonib chopar yurakda o‘ti,
yo‘latmaydi shundan birovni.
Ana bunday shavkati uchun
nahot, fe’lini kechirib bo‘lmas?
Kechirmasak yog‘ilar butun
yurtla’nati, o‘chirib bo‘lmas.
Bu gapdan so‘ng jim qolar ota.
Keyin kelib biroz o‘ziga:
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:36:45
—   Qirchang‘ilar ozmi dunyoda, —
deya qarar ota qiziga.
Qanday foyda, manfaatlar bor?
Maqtashadi uni odamlar.
Balki, shundan bizlarning tulpor,
Achchiqlanib chekadi g‘amlar.
Biz bilmaymiz.
Tili bo‘lsaydi
Fe’lin o‘zi berardi aytib.
Shunday degach, ota qiziga to‘rsaydi.
—   Tashvishdaman so‘zing eshitib, —
davom etdi, otai zorda, —
baxting sendan yuzin burmasin.
Qadimgilar bilsang, tulporga
erkaklarni nisbat berishgan...
Shayton ursin,
ota so‘zi chinga aylandi,
qizginaning baxti boylandi.
Ayol bilan hayot bejirim,
lek fojia bundamas, asli,
ayol sifat erkak turqini
ko‘rsam qo‘zir eng yomon jinim.
Goxo ayol erkak ko‘rkini
olmoq bo‘lar, bu qanday qilik?
Sababi ne? Uyla, top, izla
Xudo bergan jinsidan tonib
naxot, ayol ushoq yuziga
tus beradi erkak atalib.
Urfni bunda qanchalik aybi?
Yo qiziqqon ona tabiat
shoshdimikan? Har kimning ta’bi!
Achinaman ularga faqat.
Kim bo‘lmasin, erkakmi-ayol,
o‘zin bilsin, bilsin o‘rnini.
Yutib bo‘lgan nomus-orini,
Xushomaddan silab qornini
mamlakatni boshqarsa alhol
ayol sifat erkak ne bo‘lar?
O’zing bergan, ato etgan dil,
parchasini saqla xudoyim.
Erkak bo‘lsang erkakliging kil,
gar ayolsan — bo‘lgin muloyim.
O’zgachamas, mohiyat shunda...
O’zing qo‘lla ushbu olamda,
nasib etsin shunday bir ayol.
Yengib o‘tsin shodligu g‘amni,
baxt keltirsin tulpor — qora yol!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:38:37
Aytmatov. Qanday jamiyatda bo‘lmasin inson tabiatiga surbetlik bilan aralashsalar, undan «yangi» insonni vujudga keltiraman (yarataman, yasayman, ta’mirlayman) deb o‘ylagan kimsa chuchvarani xom sanaydi. Aslida, haddan tashqari johil kimsalargina insonga tajovuz qilishi mumkin.

Shoshqaloqlik baribir pand beradi. Bo‘lmasam, aqli-hushi joyida bo‘lgan odam shunaqa deb sandiraqlaydimi? Ertakni haqiqatga aylantirmoqchi bo‘lgan kallavaramlarning xayolidan nimalar kechdi ekan? Bunaqa xom xayol hatto iblisning ham yetti uxlab tushiga kirmasa kerak!
Senga bitta voqeani aytib beraman. Sotsialistik jannat qurib qo‘yilgan jinnixona to‘g‘risida.

Hammasi oson bo‘ladi erkaklar bilan ayollarning haq-huquqlarini tenglashtirish g‘oyasi zaruriy ehtiyoj natijasida (dastlab, bu g‘oya mualliflarning o‘ziga g‘oyat insonparvarlikdek tuyuladi!) tug‘iladi. Ishchi kuchi yetishmay qoladi. Demak, odamlar yoppasiga kommunizm qurilishiga jalb etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. «Temir qo‘llarimiz bilan insoniyatni baxtli kelajakka haydab kiritamiz!» degan shior o‘rtaga tashlanadi. Shundan so‘ng ayollar texnikani egallashga, yirik zavod-fabrikalarda dastgohni boshqarishga, abadiy muzlik qoplagan o‘lkalarda erkaklar bilan bir safda turib ishlashga targ‘ib qilinadi. Chaqiriq darhol qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Gazeta sahifalarida ulkan traktorni boshqarib borayotgan nozik komsomol qizlarning suratlari paydo bo‘ladi.

Afsuski, davlat tomonidan o‘tkazilgan «Hujum» kampaniyasi o‘sha davrning og‘ir xatolaridan biri edi deyish kamlik qiladi. Bu insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat edi. Ustiga ustak, ilohiy olamning qurilmasiga qarshi yo‘naltirilgan jinoyat edi. Xudoning barqarorligini inkor etgan murtadlar Xudoning vazifasini o‘z zimmalariga oladilar va «yangi olam yaratamiz» deb, dahshatli o‘yin boshlaydilar. «Novatorlar» o‘zlarining ahmoqona g‘oyasi bilan yoshlarning katta qismini zaharlaydilar. Andrey Platonov iborasi bilan aytganda, «erdagi jannat»ning timsoli bo‘lmish afsonaviy «kotlovan» (xandaq) barpo etmoqchi bo‘ladilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:39:59
Shoxonov. Ha, yaxshi niyat bilan do‘zax tomon qadam tashlanadi. Aftidan, u paytlari hech kim Injili sharifda aytilgan dono gaplarni eslamaydi. Hartugul, hech kim bu bilan hisoblashmaydi. Uni tarix axlatxonasiga uloqtirib yuboradilar.

60-yillarning boshlarida Qozog‘istonning Semipalatinsk viloyati Shubartov tumani komsomollari respublikadagi o‘rta maktablarning bitiruvchilariga «sinf bo‘yicha yoppasiga chorvachilik sohasiga ishga boraylik!» deb murojaat qiladilar. Bundan aslo ajablanmaslik darkor. U paytlari Chimkent viloyati gazetasida korrektor bo‘lib ishlardim: o‘sha tashabbusni qizg‘in qo‘llab-quvvatlagan bitta maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari to‘g‘risida o‘zim ham maqola yozganman.

O’shanda mening tashabbusim bilan viloyat ijodkor yoshlarining klubi tashkil etilgandi. Huzurimizga mashhur yozuvchi G’abit Musrepov tashrif buyuradi. Viloyat komsomol qo‘mitasining kotibi bilan birgalikda qozoq adabiyotining mumtoz vakilini qutlagani bordim. Salom-aliqdan so‘ng, G’abit og‘a yangiliklar bilan qiziqdi. Juda g‘ayratli yigit bo‘lgan komsomol kotibi bidirlab axborot bera boshladi:

—   Viloyatimizning ikki mingdan ortiq bitiruvchi sinf o‘quvchilari Shubartov komsomollarining murojaatini qo‘llab-quvvatlashga shaylanib turishibdi. Ular imtihonlarni topshirgan zahoti komsomol yo‘llanmasi bo‘yicha chorvachilik sohasida ish boshlaydilar. Ularning yarmidan ko‘prog‘i qizlar!..

Shu payt G’abit og‘a qoshlarini chimiradi.
—   Jamiyatimizning asosiy kamchiligi shundan iboratki, biz erkaklarning vazifalarini ham ayollar zimmasiga yuklab qo‘ydik, — dedi u.

Partiya tashabbusi keskin tanqid ostiga olinganini eshitib, dahshatga tushib ketdim. Axir, u paytlari hech kim bunday fikrni hatto xayoliga keltirmasdi. Qizil Ittifoq mafkura sohasida ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritgan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:41:54
Albatta, aql bovar qilmaydigan og‘ir zamonlarda ayollarning o‘z zimmasiga og‘ir majburiyat olishini tushunish mumkin. Masalan, Sizning «Jamila» nomli qissangizni eslaylik. Lui Aragon uni: «Dunyoda muhabbat to‘g‘risida yaratilgan eng go‘zal qissa!» deb baholagandi. Ulug‘ Vatan urushi yillarida ayollarimiz qariyalar va o‘smirlar qatorida turib erta tongdan qora shomgacha ter to‘kib mehnat qiladilar. Ko‘pga kelgan to‘ydan hech kim qochib qutilmaydi.

Sirtdan qaralsa, bu qissa xuddi urush to‘g‘risida yozilgandek tuyuladi. Aragon uni nima uchun muhabbat haqida yozilgan doston deb ataydi? Chunki, Siz hamma narsadan ustun bo‘lgan Muhabbatni tasvirlab bergansiz. Ayni chog‘da o‘lim ham haqqoniy aks ettiriladi. Feodal zamondan qolgan itoatgo‘ylik kabi sarqitlar fosh qilinadi. Jamila ma’shuqaning erkin, qizg‘in qalbi bilan yashaydi. Uning uchun oliy haqiqat mana shu. Puturdan ketgan, munofiq axloq tarafdorlari qissani quturib tanqid qiladilar. Ular inson tuyg‘ularini temir katak ichiga haydab kiritib, mahv etmoqchi bo‘ladilar.

Chike, Siz inson faqat mehnatning o‘zi bilan baxtli bo‘lmasligini isbotlab berdingiz. Shubhasiz, millionlab o‘quvchilar millatidan qat’i nazar Jamiladan ozodlik ilmini, qalb va aql-idrok erkinligini o‘rgandilar. Totalitar tuzumning ayol usidan o‘rnatgan hukmronligiga qarshi norozilik timsoli — Jamila. Xalq bu ayol siymosida norozilikni ko‘rdi.

Aminmanki, go‘zallik va mehr qadrsizlangan joyda johillik va bachkanalik boshlanadi. —"Esimda, 50-yillarning boshlarida ovulimizda yashaydigan bir yoshi o‘tib qolgan ayol o‘tin terib kelish uchun junaydi. Aldoqchi dunyoda muhtojlikdan yomon narsa bo‘lmaydi. Ayol bir ko‘tarim o‘tinni orqalab uyiga qaytadi. Yo‘lda birdan to‘lg‘oq tutib qoladi. Xullas, farzand tug‘iladi. Ayol o‘tkir tosh bilan go‘dakning kindigini kesadi va chaqalog‘ini eski-tuski kiyimiga yo‘rgaklab, bog‘lam o‘tinini sudragancha ovulga keladi. Ming mashaqqat bilan to‘plagan o‘tinni tashlab ketishga ko‘zi qiymaydi. Ayol bir oz dam olishni xayoliga ham keltirmasdan uy yumushlariga unnab ketadi. Mo‘ridan tutun chiqayotganini ko‘rib eri bilan qo‘shnilari uyga kiradilar. Birdan chaqaloq yig‘lab qoladi. Hamma hayron bo‘ladi. Ayol esa:

— Bu bizning bolamiz, o‘tin tergani borib, tug‘ib oldim, — deb javob qaytaradi bamaylixotir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:43:06
Aytmatov. Ilgari ayollik halovati nima ekanini, erkaklarning samimiy munosabatlarini ko‘rgan rus xotinlari alamli qo‘shiq to‘qishadi:

Ot ham o‘zim, ho‘kiz ham.
Holbuki, er ham o‘zim.
Payti kvlsa, xotinmav,
Bizlarga bersin to‘zim!


Afsuski, «kishi ruhining muhandislari» bo‘lmish biz yozuvchilarning ham bu borada aybimiz bor: sotsialistik realizm metodiga amal qilamiz deb ayol-rahbar timsolini uyalmasdan adabiyotga olib kirdik. Ayol direktor, partko‘m kotiblari erkakdan battar qo‘pol, shallaqi, uddaburon bo‘lishadi. Turish-turmushi ham, gap-so‘zlari ham erkakshoda. Shunday qilib, kommunist-konstruktorlar Xudoning o‘zi yaratib qo‘ygan ayol bilan erkak o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotmoqchi bo‘ldilar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:43:46
Shoxonov. Ushbu suhbatimizga aloqador bo‘lgani uchun «La Vallett oqshomi» nomli she’rimni o‘qib bermoqchiman. Buni 15 yil burun yozganman, hali e’lon qilinmagan. Arxivimda yotgan edi.

I

Ko‘z ochib yumguncha
unutib dardlarini,
bo‘y yetgan Sandra
deraza oldiga chiqdi.
Sochiga ulab
tolpopuk, to‘la savat
mevani oldiga yiqdi.
Sal ko‘targin chirog‘ingni piligin,
yo‘lboshlovchi tushuntirar
Sandraning kimligin.
—   Qadimiy odati Malta qishlog‘in
kuyov bo‘lish niyatida yurgan yigit
chapdastlikda yutib chiqsin o‘rtog‘in:
biri chalar gitara, boshqasi do‘mbirani,
yana kimdir raqs tushib jon teriga,
kimdir esa she’rga solar Sandrani.
Sandra-chi, derazadan kuzatadi barchani,
oldidagi mevalardan kavshanib...
Qay yigitga kulib boqsa Sandra
kuyov o‘sha — tegadi erga...
Gimeney, hoy, o‘yna, mana xotining,
so‘ng gapirma undoq ekan, bundoq deb.
Uylandingmi, xudoga ayt dodingni,
ahmoq bo‘lsa yo o‘ziga bersa zeb.
Uylandingmi — bo‘yinturuq bo‘yningda.
Arz aylama, yoqtirganing qo‘yningda.
Odat shunday: umr bo‘yi birgasiz.
Biringiz — bit bo‘lsa, yana biring—
burgasiz.
Ajralish yo‘q, baxt haqida o‘ylash yo‘q.
O, Gimeney, Gimeney, mana senga o‘q!

Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:44:08
II

Maltani ham bizga tanitgan,
olib chiqqan dengizga shu Oy.
—   Darding olsam, nimam kamibdi!
Lekin jimdir, osmonda chiroy.
nur yog‘ilar dengiz qo‘yniga,
La-Vallett oqshomga kirar.
O’tkazamiz orol bo‘yida
hijron tuni sekin qisqarar.
Uyqusiragan qirg‘oq bo‘g‘riqar,
hansiraydi, issiqdan pishgan.
—   Singiljonim, kelgin yaqinroq,
ne sababdan ko‘zlaring shishgan?
—   Og‘ajonim, — deydi qizgina,
xasta odam ovoziday dard, —
men bir otman, yo‘qdir tizginim,
baxtsizliqdan pora bo‘lgan qalb.
Hayronligim ortadi battar:
bu qanday gap? Maqsad nimadi?
—   Og‘a, bilsang, isnod yotar
hayotimda, qora sharmanda. —
Jim turgayman odamovidek,
Qani, neni aytadi yana.
—   Tashlab ketdi, sevgilim, og‘a,
shundan g‘amim, alamim mening. —
Qarashlari qo‘rqinch tus oldi,
nigohiga dosh bermoq mushkul.
Hazil qayda, hazil yo‘qoldi.
—   Qasos olmoq niyatim nuqul.
Kechirmasman, avval erkalab.
La’nat sizga, yuzsiz erkaklar!
Qonlar tutsin sizlarni, yo rab! —
Qarg‘ab-qarg‘ab o‘girilding ters,
barchasiga go‘yo men aybdor.
Bilganim yo‘q uzoq Maltada
sen g‘aribga bo‘lishim duchor.
Iloj qancha chiqsa ham joni,
erkaklarning yonin olaman:
—   Seni tashlab kegan kimsani
rosti bilan sevgandingmi, ayt?!
G’azabdan joy topmas qo‘ygani
u o‘zini shu payt.
385
—   Sevganiga o‘lim tilamas,
Ishqivordan yaxshilab bilgin.
Yupatmoqqa aytganim emas,
oq sochlarim sababin so‘rgin!
Tayyordirman erkaklar uchun
so‘ramoqqa shafqat va rahm.
Bilsang agar o‘zim ham butun
farishtamas, bordir gunohim.
 Sabr aylagin, yana muhabbat
yuragingni qitiqlashi bor.
Bo‘lmas axir asriy malomat,
quyosh chiqqach, ketadi g‘ubor.
Biroq, singil, shu choq araz-la
yov quvganday uchdi yonimdan.
Aritmoqchi bo‘ldim g‘arazin,
voh, kelmadi bu ish qo‘limdan.
O’sha kechda Malta ustida
suzar edi qirg‘oqsiz osmon.
Ko‘p o‘yladim: nahot, tabiat
jafo chekar qizday beomon?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:44:33
III

Kechda tolgul yashnatadi
O’-o‘, Maltaning osmonini.
Eh, go‘zalim Sandra!
Yuribsanmi, omonmi joning?
Xayolimda ba’zan ko‘raman
to‘lqinlarni kesgan orolni.
Oson emas, tan olmoqlik
o‘zi qilgan mash’um gunohni.
Qirg‘oq, chorlar, boraman yolg‘iz.
Charx uradi daydi shamollar.
Hayot — topish, qayta yo‘qotish,
Yo‘lda o‘tar umri odamning.

Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:45:45
Aytmatov. Inson o‘zi chinakam yaxshi ko‘radigan odamiga hech qachon yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Haqiqiy muhabbat bilan hoyu havasning farqi ham ana shunda. Oshiq qalb sohibi o‘zini o‘ylamaydi. Oshiq o‘zini qurbon qilib, ma’shuqasini saqlab qolishga tayyor turadi. Sening qahramonlaring — o‘ziga bino qo‘ygan xudbin kimsalar. Unday kimsalar tiqilib yotibdi. Yaqin-yaqingacha ayrim zamondosh ayollar kommunist-erlarini har xil tovlamachiliklar vositasida ipsiz bog‘lab olgan edilar: partbiletingdan mahrum qilaman deb, do‘q-po‘pisa qilardilar. Bechora erkak go‘yo do‘zaxda yashashga majbur bo‘lardi. Agar bunday er bugun xotiniga «taloq» bersa bormi, ertagayoq masalasi partkomda muhokama etilardi, indinga esa raykom, hatto gorkomda yetti do‘zax azobini boshidan kechirardi. Imkoniyat cheklangan edi: yo qallig‘ing bilan to umringni oxirigacha it-mushuk bo‘lib yashashing kerak, ya’ni tirik murdaga aylanishing lozim yoxud partbiletni topshirib, jinoyatchi degan tamg‘a ostida ishdan haydalishing zarur. Tanish-bilishlaru qarindosh-urug‘lar jo‘r ovoz bo‘lishib, «jinoyatchi er»ni it piypalab tashlagan tulki ahvoliga solib qo‘yishlari to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. O’z vijdonining hukmiga bo‘ysungan erkak qolgan umrini shunday azobda kechirardi. U eng «insonparvar» jamiyatda partiya bilan davlatning inson huquqlariga haqiqiy munosabati shunaqa edi. Bu ma’noda o‘zlarini jinidan battar yomon ko‘radigan erlari bitta ko‘rpaning ostida tepkilashib yotgani uchun ayrim ayollar jonajon partiyadan minnatdor bo‘lishi kerak.

Shoxonov. Erkakshoda ayollar va xotinchalish erkaklar munosabati uzoq vaqt mobaynida yosh avlod tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Men maktabda o‘qib yurgan yillarda erkak muallimlar ko‘pchilikni tashkil etardi. Ularning o‘rni boshqacha edi — ayrimlari biz uchun ideal bo‘lardi.

Aytmatov. Sho‘ro hokimiyati hukm surgan keyingi 15-20 yil davomida maktablardan oliy o‘quv yurtlarida ayol o‘qituvchilarning miqdori keskin ko‘payib ketdi. Hozirgi yoshlar bolalar bog‘chalarida, maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida asosan xotinlar qo‘lida tarbiya olishyapti. Erkak ta’sirini sezmagan bolalar, o‘smirlar beixtiyor ayol murabbiylarning ayrim sifatlariga taqlid qila boshlaydilar. O’z lafzidan qaytgandan ko‘ra, o‘limni afzal deb biladigan or-nomusli erkaklar o‘rniga tinimsiz mahmadonalik qiladigan, faqat o‘zining huzur-halovatini o‘ylaydigan benomus erkaklar bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib ketdi. Bu masala jamiyatimiz uchun jiddiy muammoga aylandi.

Oqibat shunday bo‘ldiki, o‘zimiz istamagan holda erkak bilan ayolning asil vazifasi to‘g‘risida cho‘ltoq tasavvurga ega bo‘lgan avlodni voyaga yetkazib qo‘ydik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:47:16
Erkaklar nima uchun o‘qituvchi bo‘lishdan or qiladilar? Bu savolning javobi kunday ravshan: birinchidan, bu kasb egalari e’tibordan qolgan; ikkinchidan, maoshi kam. Misol uchun, aytaylik, Olmoniya bilan Frantsiyada (o‘ylaymanki, G’arbdagi boshqa taraqqiy etgan mamlakatlarda ham shunday) eng obruy-e’tiborli kasb egalari deb o‘qituvchilar, do‘xtirlar, politsiyachilar hisoblanadi. Masalan, Angliyada bolalar bog‘chasiga tarbiyachi yoki maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirish uchun juda katta ko‘rik-tanlovda g‘olib chiqish kerak. Nihoyatda adolatli yo‘l shu: boshqa ish qo‘lidan kelmagani uchun ta’lim-tarbiya sohasiga tasodifan kirib qolgan beg‘am kimsalar bolalarning tarbiyasi bilan shug‘ullanishini ota-onalar mutlaqo istamaydilar.

Nafsilambirini aytganda, bir paytlari Sharqda ham domla-muallimlar benihoya hurmatli zotlar kabi e’zozlanardi. Hozir-chi?!
Izlanishdan, uchrashuvdan ayriliqdan iborat bo‘lgan bu hayotda Gomer va Shekspir tarannum etgan ayol tarovati, ayol ulug‘ligi jamiyatning axloqiy asosini tashkil etmog‘i lozim. Jamiyatda har qanday o‘zgarishlar ro‘y berishidan qat’i nazar, uning poydevori o‘zgarmasligi kerak.

Shoxonov. Nazarimda, suhbat mavzusini o‘zimizga buradigan payt keldi. Axir, biz ham odam, odamlarga xos xususiyatlar bizga ham begona emas. Qizig‘i shundaki, agar birorta yigit bir vaqtning o‘zida o‘nta qiz bilan oshiq-ma’shuq bo‘lib yursa ham hech kim bunga e’tibor bermaydi. Lekin, dunyoga mashhur bo‘lgan Chingiz Aytmatovning har bir qadami odamlarning ko‘z o‘ngida...

Aytmatov. Har bir taqdir cheksiz-chegarasiz, murakkab sirlari bilan yaratiladi. Har bir inson o‘z hayotida taqdir taqozosiga ko‘ra, peshonasiga yozib qo‘yilgan ayolni yoki erkakni uchratadi. Uchrashgach, ular birgalikda o‘zlarining baxt-saodatini qidiradilar. Bu borada o‘zim ham istisno emasman...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:48:40
Mening hayotimda ham unutilmas damlar bo‘lsan. Hozir faqat xotiraga aylanib qolgan esa-da, ammo hamon esimga tushib qolsa, qalbim larzaga tushadi. Yashirmayman, talabalik yillarimda turli-tuman ziyofat kechalarida, raqs maydonlarida ko‘plab qizlar bilan tanishganman. Tunlari mijja qoqmasdan ularga maktublar yozardim, dilimni izhor qiladigan eng ta’sirchan so‘zlarni izlab qiynalardim, so‘ng ulardan ham qalin konvertlarga joylangan maktublar olardim. Mehr bilan kashta to‘qilgan juda ko‘p ro‘molchalar kaminaga sovg‘a qilingan. Esingdami, kashtali ro‘molcha sovg‘a qilish bir paytlar urf bo‘lgan edi? Shirin jilmayishingga qarab turib bildimki, o‘zing ham ancha-muncha ro‘molcha olgan ko‘rinasan...

Ammo, o‘tkinchi tuyg‘ular qanchalik tez alanga olgan bo‘lsa, shunchalik tez so‘nib qolardi. Bu hol guldan gulga qo‘nib yurgan kapalakka o‘xshaydi. Ular yurakda iz qoldirmasdi. Biroq, men o‘z hayotimda butun vujudimni qamrab olgan Muhabbatni ham uchratganman. Biz bir-birimizni izlaganimiz yo‘q. Hammasi o‘z-o‘zidan ro‘y berdi. O’sha tasodifiy uchrashuv taqdirning bebaho inoyati bo‘ldi. Mening hayotimni nur bo‘lib yoritgan Ayol — qirg‘iz san’atining yulduzi, mashhur balerina Bibisora Beyshenalieva edi.

O’sha aziz siymo hozirgacha tushlarimga kiradi, bedor qiladi, ko‘nglimni ko‘taradi, o‘tmishga qaytaradi... 50-yillarning oxirlari. Moskvadagi Adabiyot institutini tamomladim. Asarlarim markaziy matbuotda nashr qilina boshladi. Men to‘g‘rimda gapirib qolishdi. O’sha paytlari Boltiq dengizi flotida xizmat qilayotgan qirg‘iz oilalarining bolalariga otaliq yordami ko‘rsatadigan delegatsiya tashkil etiddi. Kaminani o‘sha paytlari Frunze shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi vazifasida ishlaydigan Turdiakun Usubaliev huzuriga chaqirib delegatsiya tarkibida Leningradga borib kelishni taklif etdi.

Qirg‘izistonning opera va balet teatri truppasi o‘sha kunlari «Lenfilm» studiyasida «Cho‘lpon» balet-filmini suratga olayotgan edi. Bosh partiyani ijro etayotgan Bibisora Beyshenalieva bilan o‘sha joyda uchrashdim. Keyinchalik bildimki, taqdir peshonamga shu uchrashuvni yozib qo‘ygan ekan.

Ikki-uchta dengizchi hamrohligida katerda «Avrora» kreyseri yoniga suzib borgan chog‘imizda bizning delegatsiya palubada turgan edi. Ular orasida oq-sariqdan kelgan, ko‘zlari doim kulib turadigan Bibisora ham bor edi. Uning kelishgan sumbatini, qop-qora sochlarini dengizdan esayotgan mayin shamol silab-siypalardi. U kulimsirab bizga qo‘l silkitib qo‘ydi. Ilgari bir-birimiz to‘g‘rimizda ko‘p eshitgan bo‘lsak-da, lekin shaxsan tanish emasdik. Negadir juda oson yaqin bo‘lib qoldik, bir-birimizga ajib mehr qo‘ydik. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Agar bizning nozik tuyg‘ularimiz birdan o‘t olib, gulxanga aylanib ketdi desam, hoynahoy, ishonmasang kerak. Biz avval uchrashmaganimizga hayron edik.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:54:04
Atrofdagi odamlar, qushlarning chug‘urlashi, yaproqlarning shitirlashi, dengiz to‘lqinlarining shovullashi — hamma-hammasi mutlaqo boshqacha tusga kirib qoldi. Mening atrofimdagi dunyo tanib bo‘lmas darajada yorqinlashib, go‘zallashib ketdi.
Leningradning oppoq tunlari qo‘ynida Neva sohillarida charchoq nimaligini bilmasdan uzoq-uzoq sayr qilardik, bir-birimizga aytadigan gaplarimiz ham sira tugamasdi. Baxtli damlarimiz bir necha soat davom etdimi yoki bir necha asr davom etdimi, buni hech kim bilmasdi. Shu paytgacha yashab o‘tgan umrim ikkinchi darajali bo‘lib qoldi. Olamda faqat men bilan Bibisora bor edi. Men va u...

Bir necha kun ham ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketdi. Delegatsiyamiz Qirg‘izistonga uchib ketdi. Yuragimning yarmini Neva sohillariga tashlab ketishga kuchim ham yetmadi, xohishim ham bo‘lmadi. Ikki o‘t orasida qoldim. Nihoyat, Moskvada ishim bor edi deb bahona qildimu Leningraddan ketmadim. Ikki-uch kundan so‘ng poytaxtga yo‘l oldim. Orqamdan Bibisora ham yetib bordi. «Moskva» mehmonxonasida bir kechayu bir kunduzni birga o‘tkazdik, xolos. Lekin, bu ruhiy yaqinlikning unutilmas damlari bo‘ldi. Biz qayta-qayta xayrlashardik, biroq aslo bir-birimizdan aslo ajralgimiz kelmasdi. Axiri men Bibisorani elektrichkada Leningradga qadar kuzatib bordim. U meni Moskvagacha qaytadan kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin, men qattiq turib, zo‘rga niyatidan qaytardim.
O’sha kundan e’tiboran to Bibisoraning so‘nggi kunlariga qadar — o‘n to‘rt yil mobaynida yuragimda alanga olgan yolqin bir dam ham so‘nmadi.

Albatta, mana shu o‘tgan yillar davomida har xil mish-mishlar bizni rosa bezor qildi.
Bibisora Leningradda o‘qigan  edi.  Teatr,   kino, adabiyot sohasini teran tushunardi. Uning san’at to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari juda chuqur va o‘ziga xos bo‘lardi. Betimsol iste’dod sohibasi, bag‘oyat go‘zal ayol bo‘lgan Bibisoraning butun hayotimga, ijodimga o‘tkazgan ta’sirini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:57:32
Endi kimningdir ko‘nglida haqli savol tutilishi mumkin: xuddi «Ming bir kecha» ertaklaridagi oshiq-ma’shuqlar kabi bir-birini jonidan ham ortiq darajada yaxshi ko‘radigan bu insonlar nima uchun turmush qurmaydilar? Men ana shu mavzuda gap boshlagan paytlarim Bibisora gapni darhol boshqa tomonga burib yuborar yoki hozircha shoshilmaslikni maslahat berar edi. Biz keyinchalik Dzerjinskiy bulvaridagi uydan bir-biriga qo‘shni pod’ezddan yangi kvartira oldik. Kunlarning birida biz yolg‘iz qolgan paytimiz Bibisora g‘amgin kulimsiragancha:

— Achinov (u familiyamning bosh harfi bilan ismimning birinchi bo‘g‘inidan shunday nom o‘ylab topgandi), nima demoqchi ekaningni bilib turibman. Aytadilarki, bir-birlarini haqiqiy yaxshi ko‘radigan odamlarning taqdiri qo‘shilmas emish, — dedi. U birpas sukut sakladi. — Ehtimol, shunday bo‘lishi kerakdir. Kundalik oilaviy tashvishlar har qanday buyuk tuyg‘ularni yemirib yuboradi. O’z muhabbatimizni nikoh kishani bilan zanjirband etishimiz shartmikan?

«Suygan yoriga turmushga chiqishni orzu qilmaydigan ayol bormikan?..»
Keyinchalik tushundimki, Bibisora meni partiyadosh «o‘rtoqlar»im bilan adabiyotchi hamkasblarimning shafqatsiz zarbalaridan asrab qolishni istardi. U o‘zini aslo o‘ylamasdi.
O’sha yillarda taloq — qo‘ydi-chiqdi nima ekanini o‘zing ham bilasan. Men Bibisoraning gaplariga ko‘nib, to‘g‘ri qilganmanmi? Bu savol endi meni umrbod qiynaydi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 16:59:19
Shoxonov. Bunday jazo turlari qozoqlar o‘rtasida ham juda keng tarqalgan edi. Bizning adabiyotimizning mumtoz vakili G’abit Musrepov, mashhur qahramon-yozuvchi Bovurjon Momishuli, taniqli qo‘shiqchi Yermak Serkaboevlar qayta uylanganlari uchun uzoq vaqtgacha tanqidga uchrab, feletonlarning bosh qahramonlari bo‘lib yurdilar.

Aytmatov. Biz nimalar demaylik, mening yulduzim yorqin porlashi uchun Bibisora o‘zining ayollik baxtini qurbon qiladi. Mushohada — ongning vazifasi, tuyg‘u — yurakning imtiyozi. Bir-biriga antagonistik dushman bo‘lgan ana shu ikki fazilat faqat buyuk shaxs timsolida mujassam bo‘lishi mumkin. Buyuk shaxsgina suyukli yorining foydasini ko‘zlab undan yuz o‘giradi.

Bir kuni Bibisora ikkovimiz «Moskva — Olmaota» poezdida Frunzega kelayotgan edik. Ikki kishilik shinam kupe. Hech kim telefonga chaqirib yoki eshik qo‘ng‘irogini jiringlatib bezovta qilmaydi. Uch kechayu uch kunduz go‘yo ertak misoli hayratomuz kechdi. Vaqt to‘xtab qoldi. Biz xuddi boshqa bir olamga tushib qolgandek edik. Har xil mavzudagi suhbatlarimiz, boshqa paytlari birovga aytib bo‘lmaydigan sirli gaplarimiz, adabiyot va san’at to‘g‘risidagi bahs-munozaralarimiz bir-birini to‘ldirardi. O’shanda ilk bora anglab yetdimki, o‘y-xayollari, ruhiyati, fe’l-atvori, tabiati jihatdan o‘zingga yaqin insonni topishdan-da a’loroq baxt yo‘q ekan. «Shunday kun ham bo‘ladiki, uni butun boshli bir asrga ham almashtirmaysan. Bugun mening hayotimdagi eng baxtli kundir».
Axir, Bibisoraning hayajon ichra aytgan o‘sha so‘zlarini unutib bo‘ladimi?

Poezd esa bizni xuddi beozor yo‘rga kabi manzil tomon olib borardi. Ba’zan vagon derazasidan tabiatga maftun bo‘lib tikilib qolardik. Rossiyaning bitmas-tuganmas ko‘m-ko‘k o‘rmonlari, xuddi xalq qalbidek bepoyon Qozog‘iston dashtlari ko‘z o‘ngimizdan bir-bir o‘tdilar. Poezdimiz Orol shahrida to‘xtagach, toza dengiz havosidan to‘yib-to‘yib nafas olish uchun tashqariga chiqdik. U paytlari Orol dengizining to‘lqinlari shahar ostonasini yuvib turardi. Quyosh shu’lasida o‘ynoqi to‘lqinlar yilt-yilt qilardi. Keyin Qizil O’rda, Aris, Chimkent, Tulqubos bekatlari keldi...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:00:19
Esingdami, bir safar biz sening mashinangda Toshkentdan Bishkekka qaytgandik? Qip-qizil quyosh asta-sekin ufqqa enib borardi, osmonning yarmi shafaq rangiga bo‘yalgan edi. Hayajonli daqiqalar edi. Tulqubosga yaqinlashgach, baland tepalikni aylanib o‘tish uchun temir yo‘l keskin burilish yasaydi. Bahor va yoz faslida bu joylar chamanzor bo‘lib ketadi; unga qarab sira to‘ymaysan. O’shanda sendan mashinani to‘xtatishingni iltimos qildim-da, mashinadan tushdim. Qanday go‘zal! Xuddi 25 yil avvalgidek baland tepalik yonbag‘ridan Olmaota tarafga poezd o‘tib borardi. Temir yo‘l chetidagi tepalikni ikki-uch qator bo‘lib o‘rab turgan temir to‘siqlar ham o‘zgarishsiz edi. Qishda tepaliqdan qor ko‘chkisi tushib, yo‘lni to‘sib qolmasligi uchun shunday g‘ov yasab qo‘yilgandi. Yuragim xapriqib ketdi. Shu yerdan o‘tayotganimizda, aynan mana shu joy Bibisorani bag‘oyat to‘lqinlantirib yuborgandi. U tabiat go‘zalligini ko‘rib, xuddi yosh boladay quvongan edi. Biz Bibisora bilan birgaliqda juda ko‘p ajib shaharlarni, tarixiy go‘shalarni, diqqatga sazovar o‘lkalarni ziyorat qilgandik. Masalan, Frunze shahrini olib ko‘raylik. Ayrim uylar, chorrahalar, istirohat bog‘lari yonidan o‘tayotib, qaysi nuqtada nimalar to‘g‘risida gaplashganimiz, nima uchun xursand bo‘lganimiz yoki nega xafa bo‘lganimiz xuddi kechagidek yodimda turibdi.

Esingdami, yaqinda Qirg‘iziston Davlat opera va balet teatriga qandaydir uchrashuvga borgandik! Men nimalar to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lganini umuman eshitmadim, o‘z xayollarim bilan band edim, Bibisoraning benazir iqtidori mana shu sahnada gullab-yashnadi. Mening ko‘z o‘ngimdan xuddi kinodagidek u bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar birin-ketin o‘ta boshladi. Sahnaga qarasam — bas, u go‘yo oqqush kabi uchib yurgan bo‘ladi. Bibisora aynan xuddi shu timsolda xayolimga o‘rnashib qolgan. Aytish mumkinki, men uning mangu navqiron ruhiga o‘rnatilgan tirik haykalga o‘xshayman.

Qaysidir bir gastroldan u betob bo‘lib qaytdi. Diagnoz — ko‘krakda yomon shish paydo bo‘lgan edi. Bibisorani Kuntsevo kasalxonasiga yotqizdik. U bir yarim yil azob tortdi. U tortgan azob-uqubatlarning hammasini gapirib bo‘lmaydi. Kasalxona hududiga faqat maxsus ruxsatnoma bilangina kirish mumkin edi. Bibisora bilan bitta palatada xuddi o‘shanday diagnoz qo‘yilgan SSSR xalq artistkasi Olga Nikolaevna Androvskaya ham yotardi. Aleksandr Trifonovich Tvardovskiy ham xuddi o‘shanday bedavo dardga chalingan bo‘lib, u ham Kuntsevoda davolanmoqda edi. U birinchilardan bo‘lib kaminaga yozuvchilik sohasida «oq yo‘l» tilagan, ilk qissalarimni o‘zining «Novс‹y mir» jurnalida e’lon qilgan edi. Qachon kasalxonaga borsam, albatta, uning holidan xabar olib qaytardim. Vrachlar nechog‘lik harakat qilishmasin, u tez sur’atda o‘zini oldirib qo‘ydi. Ko‘p o‘tmasdan Tvardovskiy olamdan o‘tdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:01:10
Bibisora ham kunma-kun so‘lib borardi. Uning yostiqdan boshini ko‘tarishga-da kuchi yetmasdi. U butunlay o‘zgarib ketdi. Yoqimli ko‘zlarining nuri xira tortib qoldi. O’shandan keyingina angladimki, Bibisoraning dardi bedavo ekan. Oyoqlarimda mador qolmadi...

Qittak harakat qilsa — bas, Bibisoraning joni qiynalib ketardi. Shundan so‘ng uni Frunzega olib qaytdik. Ish joyimda bosim o‘tira olmasdim, kasalxona tevaragida tinchini yo‘qotgan odam kabi aylanib yuraverardim. Umrining sanoqli kunlari qolganini bilib, Bibisora taqdiriga tan berdi. Men huzuriga kirib borgan zahotim kayfiyatimni ko‘tarish uchun majolsizgina kulib qo‘yardi. U so‘nggi damlarida ham meni balo-qazolardan asraydigan farishta bo‘lib qoldi.
1973 yilning 11 may kuni Bibisora vafot etdi.

Shoxonov. Guvohlarning aytishicha, Opera va balet teatrida bo‘lib o‘tgan vidolashuv marosimida siz bor tovushda o‘krab yig‘lagan ekansiz. O’sha paytdagi respublika rahbarlaridan birining toqati toq bo‘lib: «Anavini sal tinchitib qo‘yinglar-e, jonga tegdi-ku!» degan ekan. Unday kimsalar umr bo‘yi birga yashagan o‘z xotinining janozasida ham obro‘yidan tushib qolmaslik uchun bir tomchi ko‘zyosh to‘kishdan or qiladilar. Agar totalitar tuzum sharoitida yuqori mansabda o‘tirgan, xotini bor kommunist, Sizdek mashhur inson odamlar oldida o‘krab yig‘lagan bo‘lsangiz, demak, rostdan ham suyukli ayolingizdan ajralgansiz, boshingizga chinakam og‘ir musibat tushgan.

Esimda, bir kuni samimiy suhbat qurib o‘tirgan paytimiz taniqli qirg‘iz shoiri Suyunboy Eraliev boyagi mavzuga to‘xtalib: «Bibisora ajoyib inson edi. Uning go‘zalligi ham tabiiy bo‘lib, aql-idroki va boshqa fazilatlari haqiqiy qirg‘iz qizlariga monand edi. O’z vaqtida o‘zim ham, boshqa shoirlar ham unga she’rlar bag‘ishlaganmiz. Bibisoraning bevaqt o‘limi butun qirg‘iz xalqini, uning jamiki muxlislarini larzaga solib yubordi. Eshitishimcha, ular buyuk pok muhabbat bilan bir-biriga bog‘langan edilar. Chingiz Bibisoraning janozasiga qop-qora kiyimda, ko‘zlari shishgan holda keldi. Chingiz ko‘zyoshlarini yashirib o‘tirmadi. Ayrim ta’ziyachilarga uning holati mutlaqo yoqmadi. To‘rt tarafdan: «Uyalsa bo‘lmaydimi! Axir, xotini bor, bitta oilaning boshlig‘i!» degan shivir-shivirlar quloqqa chalinardi. Men esam fahr bilan: «Chingiz yozuvchi sifatida buyuk bo‘lgani kabi erkak sifatida ham buyukdir! U suyukli ayolini so‘nggi yo‘lga erkakka munosib ravishda kuzatib qo‘ymoqda!» deb o‘ylardim ichimda», degan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:02:41
Aytmatov. Samimiy so‘zlari uchun Suyunboyga katta rahmat! Bibisorani yo‘qotib, men taqdirimni yo‘qotganimni odamlar qayoqdan bilishardi?

Shoxonov. «Manas» eposining 1000 yilligi bayram qilinayotgan tantanali kunlarda Bishkek markazida Turg‘unboy Sodiqov yaratgan «El qutu» monumental haykali ochildi. Bu ajoyib yodgorlik go‘yo qirg‘iz xalqining o‘g‘il-qizlarini shuhrat cho‘qqisiga olib ketayotgan burgutga o‘xshaydi. Yodgorlikning bir tarafida chuqur o‘yga tolgancha Siz turibsiz, boshqa tarafda esa betimsol Bibisora Beyshenalieva; qirg‘iz san’atining osmonida viqor ila parvoz etib yurgan oqqush.

Bu hol tasodifmi yoki haykaltaroshning xayolimi? Lekin, foniy dunyoda taqdirlari qo‘shilmagan ikki buyuk zot yodgorlikda ham ajralib turishibdi: o‘zlari jonidan ham aziz biladigan tog‘larga, serhosil dalalarga har xil nuqtalardan nazar solmoqdalar, Issiqko‘lni tomosha qilmoqdalar...

Yodgorlik ochilayotgan paytda men Sizning yoningizda edim. Siz Bibisoraning bronza siymosiga uzoq vaqt mehr bilan tikilib qoldingiz...

Aytmatov. Bibisora vafot etgach, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan meni Italiyaga taklif qildilar. Teploxodda Sitsiliyaga jo‘nadik. Ochiq dengiz. Oydin oqshom. Salqin shabada esardi.

Olislardan ulkan shaharning chiroqlari miltirab ko‘rina boshladi. Birdan Bibisora ikkovimiz eshitishni yoqtiradigan musiqa tovushi qayoqdandir taralib qoldi. Odamlar palubada raqsga to‘sha boshladilar. Men esam, bir chetda to‘siqqa suyanganimcha yum-yum yig‘lardim. Ko‘zyoshlarimni yashirib o‘tirishga hech qanday xojat yo‘q edi: atrof dengiz, oqshom, ko‘qda oy balqib turibdi, kimsasiz orol, o‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qolgan edim...

O’sha musiqa tovushini hozir eshitsam ham to‘lqinlanib ketaman. Darhol Bibisora esimga to‘shadi. Bu tuyg‘uni tushuntirib berishga ojizman.
«Kassandra tamg‘asi» romanimda bitta voqea bor: mening qahramonim delegatsiya tarkibida Yaponiyaga borib qolgach, oqshom chog‘i paroxodda suzib yuradi. O’sha manzara, o‘sha kechinmalar. Bu gal yapon musiqasi ta’siri ostida uyg‘ongan xotiralar bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘taveradi. Italiyaga qilgan safarim chog‘ida yolg‘izlikning va Bibisora sog‘inchining timsoli sifatida o‘sha manzara xotiramga muhrlanib qolgan.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:04:26
Shoxonov. 70-yillarning o‘rtalarida biz Moskvada uchrashib qoldik. Siz meni mehmonxonaga taklif etdingiz. O’shanda birinchi marta rafiqangiz Mariamni ko‘rdim. U Siz bilan yonma-yon o‘tirardi. Taqdir Sizga shunday ochiq ko‘ngul, ochiq chehra ayolni nasib etgani uchun ichimda xursand bo‘ldim. Sizni u chinakamiga hurmat qilib, e’zozlab qolmasdan, ayni chog‘da ijodingiz uchun qulay imkoniyatlar yaratib beradi, qo‘lidan kelgancha ko‘mak beradi. U mulohazakor, madaniyatli, iqtidorli ayol; «Asrni qaritgan kun» («Bo‘ronli bekati») romaningiz asosida manqurtchilik mavzusida maxsus kinostsenariy yozgan. Turkmaniston studiyasi o‘sha filmni suratga olib, ekranga chiqardi. Yoningda ichki olamingni tushunadigan, hamfikr inson bo‘lsa, shuning o‘zi juda katta baxt.

Aytmatov. Bibisoraning o‘limidan so‘ng bo‘shab qolgan ko‘nglimni to‘ldiradigan biror narsa topolmadim...
Shunaqa gaplar, Muxtorjon. Dastlab, uchrashuv-umid baxsh etgan, so‘ng ayriliq-azob bergan muhabbat peshonamga yozilgan ekan. O’shanday og‘ir damlarda Mariyam bilan uchrashuv nasib qildi. Asta-sekin vaqt o‘tishi bilan azob-uqubatlar ortda qoldi, hayot iziga tushib ketdi. Mariyam ikkovimizning ikkita umidimiz, ikkita suyanchig‘imiz bor — qizimiz Shirin va o‘g‘limiz Eldor. Xotinim ikkovimiz orzu qilamizki, farzandlarimiz qanday kasb-hunarni tanlashmasin, faqat munosib inson bo‘lib voyaga yetishsa bas.

Shoxonov. Xudo xohlasa, aytganingiz bo‘ladi. Yaqinda qizingiz meni juda xursand qilib yubordi. Olmaota tayyoragohidan oilangizni Bryusselga kuzatib qo‘yayotgan paytimiz, Siz tasodifan eshitib qolmasligingiz uchun astagina qulog‘imga shivirladi:
— Muxtor amaki, dadamning qand kasali bor. U mehmondorchilik payti kasalini esdan chiqarib, shirinlik tanovvul qilishi mumkin. Iltimos, dadamga ko‘z-quloq bo‘lib yuring.

Aytmatov. Ko‘p vaqtimizni birga o‘tkazamiz. Shu bois qizim otasini senga topshirgan bo‘lsa kerak...

Shoxonov. Jurnalist Jonibek Jonuzoq diktofonni qo‘liga olib, Siz o‘z hayot yo‘lingizda uchratgan ayollar to‘g‘risida «material» to‘plab, «Aytmatovning oyimlari» nomli kitob nashr ettirdi. Bu kitob hatto ba’zi bir tumanlardagi oziq-ovqat do‘konlarini peshtaxtalarida turibdi. O’zim ko‘rdim.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:06:52
Aytmatov. Birovning qalbini xuddi chigit ivitiladigan hovuz kabi titkilab ko‘rish — g‘irt pastkashlik. Agar kimningdir shundan boshqa qiladigan ishi bo‘lmasa, mayli, yozaversin. Axir, qaysi bir chobuqqalamning qo‘lidan ushlab turasan?!
Kerez — mening birinchi xotinim. Biz talabalik paytimizdan e’tiboran og‘ir davonlarni va ayni chog‘da yoshlikning sururli yillarini oshib o‘tdik. Xudo rahmat qilgur onam Nag‘ima xonim bilan ular xuddi ona-boladek uzoq yillar davomida yonma-yon yashadilar. Kerez mening Sanjar, Asqar ismli o‘g‘illarimning onasidir. Xudoga shukr, ikkovi ham mustaqil inson bo‘lib voyaga yetdi. Hozir ishlayaptilar.

Tattibibi Tursunboeva masalasiga kelsak, o‘z vaqtida u ham qalbimning to‘ridan joy olgandi. U noyob iste’dod sohibasi bo‘lib, qirg‘iz teatr san’atining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan.

Taqdirning tor ko‘chalarida boshqa ayollarni ham uchratganman. Lekin xudoga shukrki, ular anavi chobuk-qalamning qo‘liga tushmaydilar. Chin dildan iqrormanki, men uchun ilhom parisi bo‘lgan ayollarni uchratganim taqdirning inoyatidir. Ular tufayli samarali ijod qildim, baxtning yulduzli onlarini boshimdan kechirdim.

Shoxonov. Qirg‘izistonga elchi bo‘lib kelgan yilim, «Ruhoniyat» jamiyati To‘qtagul nomidagi Davlat filarmoniyasining katta zalida kaminaning ijodiy kechamni o‘tkazdi. Kecha adog‘ida notanish bir ayol yonimga yaqinlashdi-da:
—   Muxtor, azizim, sen meni eslolmasang kerak. Men Kerezman, Chingiz og‘angni... — deb gapini nima bilan tugatishni bilmay qoldi.
Men ham o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Chunki, ilgari u bilan sira uchrashmagandim. Keyin sog‘ligini, turish-turmushini so‘ray boshladim.
—   Qirg‘izlar bilan qozoqlarning qardoshligini mustahkamlash uchun Chingiz ko‘p ishlar qildi. Sen ham o‘sha ishni davom etgirayotganing uchun biz nihoyatda
xursandmiz. Sening Chingiz og‘ang esa... yuz yilda bir marta tugiladigan shaxs. U bilan birga yashagan yillarim hayotimdagi eng aziz damlardir, — dedi u to‘lqinlanib.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:07:45
Aytmatov. Rahmat. Endi suhbatimiz yanada jonliroq bo‘lishi uchun, iltimos, bir maromda riyokorlik bilan uch ming yil yashagandan ko‘ra, qizg‘in muhabbat bilan uch yil yashagan afzal ekanligi to‘g‘risidagi she’ringni o‘qib bergin! Bu she’rni o‘qigan har bir inson, shak-shubhasiz, o‘ylanib qoladi...

Shoxonov.

Hayot qisqa, deding, aylanay,
Kapalakning bir uchganiday.
Bir zamonlar inson kaftida
ko‘p asrlar turgan aynimay.
Uch ming yillab yashagan odam,
musibatsiz, betashvish, beg‘am.
Taraqqiyot qancha sekin o‘sgan bo‘lsa,
Keyin shuncha pastlagan, bo‘tam.
Umr o‘tgan huzurbaxsh tushday,
turmush qurgan yetti yuz yoshda,
bu yoshgacha man etilgan uylanish,
xalqniki bir o‘yin-tomosha...
Bir kun mish-mish taraldi badbin,
quruq cho‘pga ketganday yong‘in.
Ikki yuzga kirmagan go‘dak
o‘g‘il va qiz... Bo‘pti er-xotin!
O’sha o‘smir deydi otaga:
—   Uylanaman!
Ota xunob:
—   Sharmandalik, bordir urf-odat,
oq qilaman xuddi shu soat,
kimlarga sen o‘xshading?
Pand berding-a o‘xshatib!
Mingga kirib turmush qurmagan
opalaring qaqshatib!
Yo‘qol ko‘zdan, boshqa so‘zim yo‘q,
Besh asr kut, ko‘ngling bo‘lsin to‘q.
Uylanasan menga desa mingtaga,
Bilib qo‘ygin — ota so‘zi o‘q!
—   Yo‘q, otajon, —deydi yigit, —
Mayli, o‘ldir! Bo‘layin it,
kechir meni avvalo, ota,
sovchi bo‘lgin, so‘zlaringdan qayt.
Suvga tushgan toshday jim,
otaning-chi, yuragi g‘ijim.
Sevishganlar qasam ichishgan,
ajratolmas hattoki o‘lim!
Qo‘l ushlashib qochdilar bundan,
tog‘ ustida to‘shak bulutdan.
Tutib kelib to‘yni surishdi,
vaqtinchalik yuz yil muddatga.
Nola qilar sevishganlar:
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:08:41
—   Yo xudoyim! Borsan albatta,
hayot zavqi muhabbatda.
Muhabbatsiz shuncha odamning
umri o‘tar g‘urbatda.
Tug‘ilgan cho‘l erkini bergin,
uch kungina keyin o‘ldirgin!
Shu olomon ichra muhabbat
chiroqlarin yoqaylik bugun.
Farishtalar qahri-da achchiq...
Gurzi soldi vaqtga sapchib,
o‘ttiz bora qisqardi muddat,
bir lahzada asrni quchib,
hayot tezlar, chiqarib qanot.
Kim aytadi, qisqa deb hayot?!


Aytmatov. Bu she’rni yozgan shoir muhabbatning Everest cho‘qqisiga ko‘tarilganmi?

Shoxonov. Yoshlik paytimda mening hayotimda bir voqea bo‘lgan. Kunduzi xayolimdan, kechasi tushlarimdan nari ketmasdi. Qalbimni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgandi.

Aytmatov. Sening hayoting to‘g‘risida ham har xil gaplar eshitganman (tabiiyki, ko‘p gaplarni qalamkash hamkasblarimizdan eshitganman). Bir-ikki marta o‘zingdan so‘rab bilmoqchi bo‘ldim-u... Ko‘rinib turibdi, mana, endi vaqt-soati keldi. Faqat hamfikr, ruhan yaqin odam bilangina sirlashish mumkin.

Agar istasang, ochiq-oydin gapiraver. Men xotiralaringni bo‘lmasdan eshitishga harakat qilaman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:09:12
Shoxonov. Biz u paytlari balandparvoz g‘oyalar ta’sirida yashardik. Do‘stim Hasan ikkovimiz har kuni, hech bo‘lmasa, bitta odamga yaxshilik qilish to‘g‘risida kelishib oldik. Arzimas bo‘lsa-da, ammo yaxshilik qilish kerak. Shu niyatda, ya’ni yordamga muhtoj kimsalarni uchratish maqsadida Chimkentda sanqib yurardik. Ko‘chalarda odam gavjum bo‘lardi; har kim o‘z ishi bilan shoshib yurardi. Ko‘chaning narigi betiga o‘tkazib qo‘yishimizga yoki og‘ir yukini orqasiga ko‘tartirib qo‘yishimizga muhtoj kishini har kuni uchratib bo‘lmasdi. Biroq, yigit so‘zidan, arslon izidan qaytmasligi kerak. Biz har kuni bozorga boradigan bo‘ldik. U yerda qariyalar ko‘p bo‘ladi, ba’zan nogironlar ham uchrab qolardi. Ularning aravalaridan yuklarini tushirib berish yoki yuklarini boshqa joyga eltib berish biz uchun unchalik qiyin emasdi. Minnatdorlik so‘zlarini eshitib, o‘zimizni nihoyatda baxtiyor his etardik. Lekin, oradan birmuncha vaqt o‘tgach, hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, Hasan ikkovimiz «olijanob ishlarimiz»ni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Chunki, tanish-bilishlar orasida «ular bozorda hammollik qilishib, choy-chaqa ishlab yurishibdi» degan mish-mish tarqaladi.

Bozorga qatnab, odamlar bilan muloqot qilib, muhtoj kishilarni izlab yurib, oxir oqibat she’riyatning go‘zal olamiga kirib qoldim. Aytmoqchi, Sizning «Jamila» qissangizni sonma-son e’lon qilgan «Leninshil jas» gazetasi mening ham bir sahifaga yaqin she’rlarimni bosib chiqaradi. U paytlari endi o‘n olti yoshga to‘lgandim. Xuddi «Bo‘tako‘z» qissangizdagi Kamol kabi traktorchilarga yordamchi bo‘lib ishlardim. Shunday qilib, gazetada g‘ijimlanib ketgan, qora moyga bulg‘angan kepka kiyib tushgan suratim ham, boshlovchi jurnalist Mingboy Ilyosovning she’rlarim to‘g‘risidagi iliq so‘zlari ham chop etiladi. Oftobda qorayib, changga belanib ketgan shogird bola o‘zining gazetada bosilgan suratiga, she’rlariga qarab nechog‘lik xursand bo‘lganini tasavvur etish mumkin. Uning she’rlari o‘ziga nihoyatda ma’nodor ko‘rinadi. Ilk bora she’rlarim e’lon qilingach, xiyla «surbet» bo‘lib qoldim: turkum she’rlarimni gazeta-jurnallarga ketma-ket jo‘nataverdim. She’rlarimni tez-tez e’lon qiladigan bo‘lishdi.

Ajoyib kunlarning birida meni Chimkent Pedagogika institutida bo‘ladigan she’riyat kechasiga taklif qildilar. Birtalay havaskor shoirlar to‘planishdi. Biz birin-ketin sahnaga chiqib, o‘z she’rlarimizni o‘qib berdik. Men ham bir nechta she’rimni o‘qidim-da sahnadan zalga qaytib tushdim. Shu chog‘ yonimga o‘sha Qiz keldi. Go‘zal edi. Ikki yonog‘ida kuldirgichi bor edi. U kulumsiragancha: «Dastxat yozib bering», deb qalin daftarini uzatdi. Nimasi bilandir hurkak ohuni eslatardi. Uning ko‘zlari qorag‘at mevasi kabi yaltirardi. Sochlari sip-silliq, bir tutam qilib orqasiga tugib qo‘yilgandi. Qiz yanada ofatijon bo‘lib ko‘rinardi. Daftar top-toza edi, muqovasi qattiq, yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan. Daftarni ochdimu qora moy yuqi kepka kiyib tushgan suratimga ko‘zim tushdi; gazetadan qirqib olingan she’rlarimning atrofiga qizil qalam bilan hoshiya tortilgandi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:11:14
Kutilmagan holdan kalovlanib qoldim. Bu sahifaga she’riy izhori dil yozadigan imkon yo‘q edi. Qizning ismi Qulyonda edi. Men daftarga bir-biriga qovushmagan jumlalarni yozib qo‘ydim. Chunki, umrimda ilk bor dastxat yozishim edi.

Qulyonda bilan mutlaqo tasodifan tanishdim. O’sha kecha pokiza, ko‘tarinki muhabbat boshlandi. O’sha qiz birinchi marta mening she’rlarimni yoddan aytib berdi. To‘g‘risi, men u paytlari kelajakda shoir bo‘lishni orzu qilmasdim. Nazarimda, shoirlar butunlay boshqa toifadagi odam bo‘lishi kerak edi.

— Vaqti kelgach, siz juda zo‘r shoir bo‘lasiz, — deb takrorlashni yaxshi ko‘rardi Qulyonda.
Uning so‘zlari qalbimga malham bo‘lardi, o‘zimga nisbatan ishonch uyg‘otardi.

U paytlari Chimkent hozirgi ko‘rinishidan boshqacha edi. Shaharning g‘arbiy tarafida o‘rmonzor bo‘lardi; quyuq butazor, qamishzor qoplab olgandi. O’rmonga yaqin joydagi besh qavatli uylarning birida Qulyonda akasining kvartirasida istiqomat qilardi. Institutda o‘qishlari tugagach, uni kutib olib, uyigacha kuzatib qo‘yardim.

Shanba va yakshanba kelishini orziqib kutar edik.
Shovqin-surondan uzoqroq bo‘lgan shahar tashqarisiga avtobusda chiqib ketardik. Orqaga doimo yayov qaytardik.
Qulyonda giyohlarni, ularning shifobaxsh xususiyatlarini juda yaxshi bilardi. Bolaligimdan beri ko‘rib yuradiganim yalpiz va qizilpoychaning mo‘‘jizakor xususiyatlari to‘g‘risida birinchi marta o‘sha qizdan eshitdim. Uning kitob-daftarlari orasidan har doim quritilgan gullarni topish mumkin edi. Hidlarini yo‘qotmagan bo‘lardi.

Bir gal sayr etib yurgan chog‘imiz yo‘l chetida o‘lib yotgan to‘rg‘ayni ko‘rib qoldik. «Oh, sho‘rliik, — deb Qulyonda pichirlagancha jasad yoniga cho‘nqayib o‘tirdi. — Bechora nega o‘ldi ekan? Uni ilon sehrlab qo‘ydimikan yoki bolalar urib o‘ldirishdimikan?.. Mayli, nima bo‘lganda ham endi uni dafn etish kerak».
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:12:08
Men ham uning yoniga cho‘nqaydim. Birgalashib cho‘p bilan chuqurcha qazdik va tantanali ravishda to‘rg‘ayning o‘ligini dafn etdik. Biz u paytlari tabiat har soniyada tirik jonivorlarning jonini olib turishini hali bilmasdik. Aytishlaricha, kapalak faqat olti kun umr ko‘rar ekan, xolos.

Men tabiat qo‘ynidagi ovulda voyaga yetganman. Har xil qushlarni, hayvonlarni ko‘rganman. Belga uradigan ko‘m-ko‘k maysazorlarni bearmon kezib chiqqanman; maysa ustida ag‘nab yotib, bulutlarni miriqib tomosha qilganman. Ma’lum bo‘lishicha, men Qulyonda gapirib bergan ko‘p narsalarni bilmas ekanman. Qizning sharofati bilan atrofimni qurshab olgan dunyoga boshqacha nigoh orqali qarashni o‘rgandim.
Har kuni yaxshilik qilish kerak; hech bo‘lmasa, bitta muhtoj odamga yordam berish lozim, degan fikrimni qiz juda yuqori baholardi.

— Ulug‘ ishlar aynan mana shunaqa qutlug‘ qadamlardan boshlanishi kerak, — derdi u bir safar o‘ychan shivirlab. — Agar odamlar yaxshilik qilmay qo‘ysalar, agar ular bir-birlarini xursand qilishni bas qilsalar bormi, dunyo to‘s-to‘polon, shafqatsiz bo‘lib ketadi. Bu borada Qulyonda adabiyotdan, buyuk zotlar hayotidan ko‘plab misollar keltirishi mumkin edi. Biz ko‘pincha Don Kixot bilan Sancho Pansaning qiziqarli sarguzashtlarini eslab turardik. Bir gal u kimningdir: «Uyatsiz kimsa o‘zini inson hisoblashi mumkin emas, — degan iborasini takrorladi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Uyatni yo‘qotsak, biz hamma narsadan judo bo‘lamiz. Jamiyatimizdagi eng katta muammo ham ana shu. Ayrim qizlarimiz tizzasidan yuqorirog‘i ham ko‘rinib turadigan mini-yubka kiyib yuradilar. Ochko‘zdan dahshatliroq nima bor? Ishqilib, bularning bari balo-ofatlarni boshlab kelmasa go‘rgaydi».

Qulyondaning o‘sha so‘zlari hamon yodimda.
U hech qachon ismimni aytib murojaat qilmasdi. Doim «siz»lardi. Zamonaviy kishilardek bir-birimizni «sen»laylik; axir, biz eski tanish bo‘lib qoldik, derdim. Bunga javoban u:
—   Mening buvim hozirgacha buvamni «siz»laydi. Hozir shaharlik qozoqlar hatto o‘z otasini ham «sen»laydi. Axir, bu bizning qadimiy urf-odatlarimizga, an’analarimizga mutlaqo teskari-ku! — dedi.

Uning hayotga munosabati meni to‘lqinlantirib yuboradi. U paytlari baxtli onlarim xuddi tushdagi kabi birpasda o‘tib ketishini xayolimga ham keltirmasdim.

Taniqli qozoq shoiri To‘lagan Ayberganov birinchilardan bo‘lib menga do‘stona qo‘l cho‘zgan insonlardan bo‘ladi. Shak-shubhasiz, o‘sha uchrashuv taqdirning noyob sovg‘asidir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:14:27
Yigirma to‘qqiz yasharlik paytida olamdan o‘tgan To‘lagan bizning she’riyatimizga yangi nafas, yangi bo‘yoqlar olib kirishga ulgurdi. U mendan bor-yo‘g‘i besh yosh katta edi, xolos. Ilk she’rlarim matbuotda e’lon qilingach, uning o‘zi meni izlab topdi. Tanishdik. Jingalak sochli, do‘ng peshona, ochiq chehrali bu yigit darrov odamni o‘ziga rom etib olardi.

—   Qizing bormi? — deb so‘radi u bir gal dabdurustdan.
Qulyonda to‘g‘risida gapirib berdim.
—   Meni ham u bilan tanishtirib qo‘y, — deb iltimos qildi.
—   Yaxshi, indinga — 2 iyul kuni tug‘ilgan kunim bo‘ladi. Men uni ham taklif etaman. So‘ng sizlarni tanishtirib qo‘yaman. Aks holda, uyalib uchrashuvga kelmaydi.
—   Bo‘pti. Bugun qaytib ketmoqchi edim. Azbaroyi tug‘ilgan kuning sharofati bilan ikki kun qoladigan bo‘ldim, — deb rozilik berdi shoir.

Bir kundan so‘ng biz uch kishi bo‘lib shahar tashqarisiga chiqib ketdik. Maysa ustiga gazeta to‘shab, onam ataylab qaynatib bergan go‘shtni, nonni, bir necha shisha limonad bilan pivoni dasturxon ustiga qo‘ydik. To‘lagan meni tug‘ilgan kunim bilan qutlab, bir juft kitob sovg‘a qildi. O’sha kitoblarning nomlari haligacha esimda turibdi: biri Qovshariyning «Zoil Olatovining qushlari», ikkinchisi «Toshbaqa turlari» deb atalardi.
Unga minnatdorlik bildirdim. So‘ng:

—   To‘lagan aka, mabodo meni veterinariya institutining talabasi deb o‘ylamadingizmi? — deb so‘radim hazil aralash.
—   Haqiqiy shoir bo‘lish uchun atrofimizni qurshab turgan olam to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish kerak. Aks holda, uzoqqa borib bo‘lmaydi.

Qulyonda ham uning fikr-mulohazalarini qo‘llab-quvvatladi.
—   Men ham Sizga kitob sovg‘a qilmoqchiman. Bu asarlarning muallifi qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aitmatov. U Shakar qishlog‘ida tug‘ilgan, Jambuldagi qishloq
xo‘jaligi texnikumini tamomlagan. — U menga rus tilida nashr etilgan qalingina «Povesti gor i stepey» («Dashtu tog‘lar qissasi») nomli kitobni uzatdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:15:37
Shunday qilib, Qulyonda vositasida Siz bilan ilk bora tanishganman. U paytlari jilovsiz tuyg‘ularim junbushga kelgandi. O’sha kuni ko‘plab she’rlar o‘qildi. To‘lagan Qulyondaga bag‘ishlab sakkiz qator she’r to‘qidi-da, uning qizil daftariga yozib berdi. Men bo‘lsam, quyidagi misralarni qog‘ozga tushirdim:

Ko‘zlarimda ko‘rdim baxtim yulduzin,
Ikkimizga ayon bo‘lgan bir so‘zni.
Qo‘shiqlaring nogoh baxtday xush tatim,
Uchrashtirdi ikkimizni qay taqdir!
Qo‘rqqanim bor, nogoh baxtda yashirin
rahmsizlik, bilmaysan, taqdirning ishin.
Vaqt shamoli o‘chiradi izlarni,
lek pisandmas bizga, jonim,
beshafqat yillar.


Biz oqshom payti To‘laganni Chimkentdagi avtovokzaldan kuzatib qoldik. Ketar chog‘i u meni asta bir chetga  tortdi-da:   «Tabriklayman! G’aroyib   qushchani qo‘lga kiritibsan. Uni uchirib yubormagin. Aynan shunaqa qiz shoirning umr yo‘ldoshi bo‘lishi mumkin», deb shivirladi.

Biz onam ikkovimiz yolg‘iz yashardik. U tez-tez kasal bo‘lib turardi. Boshqalardan najot kelishi dargumon edi. Men uylanish masalasida jiddiy bosh qotira boshladim. Axir, Qulyonda menga munosib yostiqdosh bo‘lishi mumkin edi. Kunlardan bir kun u mendan:
—   Siz tushga ishonasizmi? — deb so‘radi.
—   Yo‘q.
—   Nazarimda, biz birga bo‘lolmasak kerak, — dedi u g‘amgin tovushda. — Nima uchun ekanini bilmayman-u, ammo ko‘nglim sezib turibdi. Tug‘ilgan kuningizda mening daftarimga yozib bergan she’ringizda quyidagi bashorat misralar bor:

Qo‘rqqanim bor, nogoh baxtda yashirin
rahmsizlik, bilmaysan, taqdirning ishin.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:16:28
Keyinchalik Qulyondaning hayoti fojiali tarzda uzilgach, buning uchun o‘zimni, aniqrog‘i, o‘sha la’nati she’rimni aybladim. Oradan ancha vaqt o‘tgach o‘qib bilsam, Boris Pasternak ham Yevgeniy Yevtushenkoga: «She’rlaringizda o‘zingizning fojiali o‘limingiz to‘g‘risida bashorat qilmang. So‘zning qudrati shunday bo‘ladiki, o‘zingiz sezmagan holda o‘sha bashorat tomon yaqinlashib boraverasiz», deb nasihat qilgan ekan.

Dam olish kunlari Qulyonda dugonasi bilan ota-onasini ko‘rgani bormoqchi bo‘ladi. Ular «Moskva — Olmaota» tezyurar poezdiga o‘tirardilar. Men bu paytda Olmaotada she’riy kitobimni nashr etish masalasi bilan shug‘ullanib yurardim. Odatda, Tulqubosda ikki-uch daqiqa to‘xtab o‘tadigan poezd bu gal faqat tezligini pasaytiradi, xolos. Baxtga qarshi, aynan o‘sha kuni bekatlar jadvali o‘zgargan edi. Kallavaram konduktor esa bu haqda yo‘lovchilarni ogohlantirib qo‘yishni esidan chiqarib qo‘yadi. Qizlar birpas sarosimaga tushib turadilar-da, so‘ng sumkalarni pastga irg‘itadilar, orqasidan o‘zlari ham yerga sakraydilar. Qulyonda poezd g‘ildiragining ostiga yiqiladi, dugonasi esa oyog‘ini sindirib oladi...
Kutilmagan fojia boshimga og‘ir gurzidek tushdi.

Erta bahorda hovur ko‘tarilayotgan dashtu dalalarda boychechekning bo‘ylarini ko‘rsam yoki kech kuz payti chug‘ur-chug‘ur qilishib janubiy o‘lkalarga uchib ketayotgan o‘rdaklarni, g‘ozlarni uchratib qolsam, beixtiyor ko‘nglim g‘am-g‘ussaga to‘lib ketadi. Qulyonda ikkovimiz uyqusiz tunlari sayr etib yurganimiz Chimkent atroflariga borib qolsam, yuragim o‘rtanadi. Bunday paytlarda birovni ko‘rgim ham, biror gapni eshitgim ham kelmaydi. Atrofni tuman qoplab oladi. Ikki yilgacha o‘zimni qo‘yarga joy topolmay yurdim.

Bir kuni tong saharda avtobusga o‘tirdimu Qulyonda dafn etilgan mozorga yo‘l oldim. Bahorning go‘zal tongi yorishmoqda edi. Kumush buloqlar qaynab turgan adirlarda to‘rg‘aylar chug‘urlashardi. Qulyonda yaxshi ko‘radigan gul-chechaklardan dastalab, qishloq chetidagi qabristonga kirib bordim. Ko‘pdan beri ichimga yutib yurganim armonlar tashqariga otilib chiqdi. Ko‘zyoshlarimni tiya olmasdan o‘krab-o‘krab yig‘ladim. Go‘yo butun olamda mendan boshqa hech kim yuq edi. To shomga qadar chalovning hidlari ufurib turgan maysazorda bag‘rimni zaxga berib yotdim.

Tushdan so‘ng yonimga bitta chol keldi. U sal narida qo‘ylarini boqib yurardi. Termosidan choy quyib berdi. U mendan hech narsani so‘ramadi. Aftidan, shishib ketgan ko‘zlarimni ko‘rib gap nimadaligini tushungandi. Uning sukut saqlayotganidan ich-ichimdan suyundim. O’zim ham miq etib og‘zimni ochmadim.
U ketar chog‘i marhumlar ruhiga Qur’on tilovat qildi.
Taqdirimda o‘chmas iz qoldirgan qizning umri qisqa ekan. Farishta misoli qiz yozuvchilardan faqat Sizni, Chike, hammadan ustun qo‘yardi...
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:17:39
Aytmatov. Kechirasan, ko‘nglim buzilib ketdi.

Shoxonov. Men o‘z hayotimda yana bitta sirli ayolga yo‘liqqanman. Uning borligini faqat eng yaqin ikki-uch kishi biladi, xolos. 70-yillarning boshlaridan beri undan vaqti-vaqti bilan maktub olib turgan bo‘lsam-da, lekin o‘zini ko‘rmaganman. U vaqtli matbuotda, alohida kitob holida nashr etilgan barcha she’rlarimni biladi. Maktublarida she’rlarim to‘g‘risidagi o‘z fikr-mulohazalarini bayon qiladi. Muvaffaqiyatimdan birinchi bo‘lib xursand bo‘ladi, tasodifan qoqilib ketsam ham birinchi bo‘lib ko‘nglimni ko‘taradi.

Maktublarining birida u: «Ehtimol, mening ismimni bilishni istarsiz? Balki, tanishmoqni xohlarsiz? Lekin, men Sizning olisdagi maslaqdoshingiz, do‘stingiz bo‘lib qolishni istayman», deb yozadi.

Men faqat uning dastxatini yaxshi taniyman, xolos. Bir paytlar besh ming tomoshabin sig‘adigan Olmaotadagi Sport saroyida mening ijodiy kecham bo‘lgan edi. Uchrashuv uch yarim soat davom etdi. O’sha uchrashuv bir necha marta televidenie orqali ham qayta-qayta namoyish qilindi. Quyidagi she’rimni o‘qiganimdan so‘ng:

Orzudan suv ichar jasorat guli,
Muhabbat uyg‘otar yurak haprig‘in,
Azobu alamsiz muhabbat hech yo‘q,
Ularsiz ishqivor o‘chib qolgan cho‘g‘.
«Sevgi yo‘q» desalar inonma hargiz,
Gul qachon o‘sibdi xashagu xorsiz.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:18:19
Operator ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan nihoyatda go‘zal bir ayolni ekranga yaqin keltirib ko‘rsatadi. Uchrashuv birinchi marta televizorda namoyish qilingach, birdan mana shu ayol yigirma yildan beri menga maktublar yo‘llayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qoldim. Ehtimol, men yanglishgandirman. Axir, inson doim go‘zallikka intiladi, go‘zallikni orzu qiladi. U men bilan uchrashuvdan o‘zini olib qochib yurganiga sabab, ehtimol, o‘sha baxti qaro ayol og‘ir kasalga chalingandir, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgandir?! Nima bo‘lsa ham, men o‘sha notanish do‘stimdan behad minnatdorman.

O’z xatlarining birida: «Siz do‘stlaringiz davrasida o‘zingizning oltmish yillik yubileyingizni nishonlayotgan qutlug‘ damlarda men bir quchoq qizil gul ko‘tarib boraman-da: «Assolomu alaykum, men sizga uzoq yillardan buyon xat yozadigan o‘sha ayolman!» deb aytaman», deb yozadi.

Men oltmish yoshga to‘lishimni va nihoyat, o‘sha ayolni ko‘rishni intizor bo‘lib kutayotirman.

«Bulbulning qudrati — uning ovozi, lochinning qudrati — uning qanotlari va changalidir. Sizning vazifangiz — she’r yozishdan iborat. Nima uchun keraksiz ishlarga vaqtingizni behuda sarflayapsiz?! Axir, ular qishda o‘yinqaroq bolalar yasaydigan qor shaharchalarga o‘xshaydi-ku: bugun bo‘lmasa, ertaga erib yo‘q bo‘lib ketadi», deb chin dildan kuyinib yozadi u. Ko‘p vaqtimni jamoat ishlariga, xizmatga, siyosatga sarflayotganim uchun xafa bo‘ladi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:19:03
Aytmatov. Xayriyat, ko‘plab ovozlar ichidan: «Sen faqat menikisan!» degan haqiqiy ma’naviyat va beg‘araz g‘amxo‘rlik ovozi ham eshitilib turar ekan.

Shoxonov. Qulyondaning o‘limidan keyingi yillarda men umuman ayol zotiga qiziqmay qo‘ydim. Ko‘z o‘ngimdan kechasiyu kunduzi uning yorqin siymosi nari ketmasdi; quloqlarimga yoqimli tovushi, jarangdor kulgusi eshitilib turardi. Biroq, marhumning ortidan ketib bo‘lmas ekan. Vaqt esa eng og‘ir yarani ham davolaydi. Qaysi qizni uchratsam, qaysi qiz bilan tanishsam, albatta, undan Qulyondaga o‘xshash xususiyatlarni qidirardim. Balki, ana shu tuyg‘u va talab mening hayotim baxtsiz bo‘lishi uchun kifoya bo‘lgandir?

Bilmadim, baxtimmi yo baxtsizligimmi, ishqilib, hayotimning og‘ir damlarida erkaklardan emas, ayollardan suyanchiq izlaydigan bo‘ldim. Har doim ham niyatlarim ro‘yobga chiqavermasdi. Rostini aytsam, Qonshoyimni uchratgunimcha Qizilgul va Rozalinda kabi hayotimda chuqur iz qoldirgan boshqa ayollar ham bo‘lganlar. Lekin, Qonshoyim ayollik latofati bilan, so‘zi bilan ishining birligi jihatidan hech kimga o‘xshamaydi. Ayrim ayollar og‘ir damlarda menga har tomonlama yordam berishga, yuragimga malham bo‘lishga harakat qilardi.

Odamlardan tez-tez tanbeh eshitib turaman: «Doim pok muhabbatni kuylab yuradi-yu, ammo o‘zi har qadamda adashaveradi!» deydilar. Albatta, o‘zim ham musichaday beozor, qo‘yday yuvosh emasman. Biroq, men bilan yaqin bo‘lgan birorta ayol «u insoniylikdan uzoq, saxovatli emas, adolatsiz!» degan ayblarni menga nisbatan aytmaydi.
Yoshligimdan yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmaslikka o‘rgandim. Agar gina-kudurat qanchalik adolatli bo‘lmasin, yurakka bir marta o‘rnashib olsa — bas, u qasosdan boshqa barcha tuyg‘ularni mahv etib yuboradi. Har qancha og‘ir bo‘lsa-da, yuragimda qasos olovini saqlamayman. Zotan, agar shunday qilmasam, juda ko‘p narsadan mahrum bo‘laman. Birinchi navbatda, top-toza shoir qalbidan judo bo‘lardim.
Ayoldan  hayratlanish  kerak.   Olijanoblik,   mehr, sadoqat tuygularini har bir ayol o‘z qalbidan kashf etmog‘i lozim. Ayolga xos munis fazilatlar ko‘z ochishi uchun unga imkon berish zarur. U albatta yuksaklikka ko‘tariladi. Men uzoq yillar mobaynida ayollarga xuddi ana shu nuqtai nazardan turib muomala qilaman. Baxtim ham, baxtsizligim ham shu tushunchalar bilan chambarchas chatishib ketgan. Nozik didimga mos kelgan yoki mos kelmagan, quvonchli va g‘ussali damlarimda yonimda bo‘lgan barcha ayollarga umrimning oxirigacha hurmatimni bajo etib o‘taman.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:19:52
Aytmatov. Ikkovimiz ham og‘ir taqdir sohibi ekanmiz. Shunday bo‘lsa-da, o‘tmishimiz og‘ir-engil bo‘lganidan qat’i nazar, baribir taqdirimizdan rozi bo‘lishimiz kerak. Umidimiz kelajakdan — illo, hali qiziqarli, samarali hayotimiz oldinda. Sening rafiqang Qonshoyim juda muloyim tabiatli ayol. Bizning urf-odatlarimizni hurmat qiladi, asil go‘zallikni qadrlaydi. U seni hurmat qiladi, yaxshi ko‘radi. U soxtagarchilikdan, cho‘kindidan yiroq. Hammasi tabiiy. Qadimiy an’anamiz bo‘yicha hatto seni «siz»laydi. Ehtimol, u senga Qulyondani eslatsa-da ajab emas.
«Manas» eposining 1000 yilligi nishonlanayotgan ulug‘ ayyom kunlari qizlaring dunyoga keldi. Biz Mariyam ikkovimiz qizingning vakil ota-onasi bo‘ldik. O’zim unga ulug‘ Manasning kelinchagini ismini qo‘yib berdim: Aychurek. Iloyim, u ham katta momosi kabi oqila, go‘zal bo‘lib voyaga yetsin. Xudo xoxlasa, chaqaloq butun baxtning sohibasi bo‘lsin, iqboli hech qachon qaytmasin!
Shoxonov. Baraka toping, Chike! Agar e’tiroz bildirmasangiz, yana muhabbat mojarolariga qaytsak.

XIV asrdan buyon ikkinchi Makkai mukarrama hisoblanadigan, Markaziy Osiyoning javhari bo‘lmish Turkiston shahrida Xoja Ahmad Yassaviyning g‘aroyib maqbarasi bor. Bu maqbara jannati Amir Temurning farmoniga binoan bunyod etilgan. Maqbaraning zangor gumbazlarida quyosh nurlari jilvalanib turadi. Lekin uning ko‘zga tashlanib turadigan kamchiligi ham bor: me’moriy uyg‘unlik oxiriga yetkazilmagan, umumiy majmuaga yopishmayroq qolgan. Mana shu hodisaga bog‘liq bo‘lgan bir sevgi afsonasi xalq og‘zida yuradi. Bir paytlar o‘sha afsona asosida she’r ham yozganman.

Amir Temur ulug‘ Xoja Ahmad Yassaviyga hurmatini bajo keltirish uchun betimsol maqbara barpo etishga qaror qiladi va olamning to‘rt tarafidan qo‘li gul ustalarni, naqqoshlarni, duradgoru quruvchilarni to‘plab keltiradi. Ganchkorlarga yosh yigit boshchilik qiladi. U oddiy loyga ham jon kiritib yuboradigan benazir usta bo‘lish bilan bir qatorda juda kelishgan, xushbichim edi. Olloh unga yana bitta fazilatni ato etgandi: uning shirali ovozi bor edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:21:12
Har oqshom quyosh ufqqa bosh qo‘ygach, ganchkorlar kunduzgi ishlarini tamomlaydilar. Usta esa qad ko‘tarayotgan maqbara devori ustiga chiqib, qo‘shiq ayta boshlardi. Uning mo‘‘jizakor ovozi sokin dashtu dalalar uzra taralardi. Quruvchilar olislarda qolgan vatanini, qarindosh-urug‘larini eslab, chuqur xo‘rsinib qo‘yardilar.

Yigit qo‘shiq boshlagan zahoti har gal Temur qarorgohidagi shoyi o‘tovning guldor eshigi shitob ochilib, tashqariga go‘zal Marziya otilib chiqar ekan. Bu qiz buyuk sarkardaning qaynsingili edi. Go‘zal qiz qo‘shiqni tik turgancha qimir etmasdan tinglardi.

Amir bu qurilishga naqadar katta e’tibor berayotganini ta’kidlash maqsadida har kuni tush paytida Marziyaning o‘zi quruvchilarga suv keltirib berardi. Yosh usta bilan yuzlariga harir parda yopib olgan go‘zal pinhoniy ravishda bir-birini sevib qoladilar.

Ajoyib kunlarning birida sira kutilmagan mo‘‘jiza ro‘y beradi: Marziya ustaga bir piyola suv uzatayotgan paytda usta o‘zini tutolmasdan qiz yuzidagi pardani yelkasiga qayirib tashlaydi. Tasodifiy guvohlarning nazarida osmonda charaqlab turgan quyosh ham xiralashib qolganday tuyuladi — qiz shu qadar go‘zal ediki, asti qo‘yaverasiz! Hammani birdan qo‘rquv qamrab oladi: axir, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hodisa sodir bo‘lgan edi-da! Qandaydir qulbacha podsho qavmidan bo‘lgan malikani haqorat qilgandi. Marziya esa bir kulimsirab, indamasdan iziga qaytib ketadi.

Qullar yosh yigitni o‘rab oladilar.
—   Nima balo, joningdan to‘ydingmi?!
—   Ertaga Amir Temur jangdan qaytib keladi. Albatta, qaynsinglisi bo‘lgan voqeani unga aytib beradi.
—   Amirning jahli chiqib, seni qattiq jazolaydi. Bizni ham sog‘ qo‘ymaydi.
Ustani titroq bosadi, boshini egib oladi.
—   Endi nima qilaman?! Nima qilmoq kerak?! — deb bechora zorlanadi. A’zoyi badanini sovuq ter qoplaydi.
—   Kechasi hammamiz qochib ketamiz, — deb taklif qiladi kimdir.

Ertasi kuni nazoratchilar bir nechta usta yo‘qolib qolganini bilib qoladilar. Qochoqlarning ortidan askarlar jo‘natiladi. Biyday dashtda yashirinadigan pana joy yo‘q edi, Qochoqlar qo‘lga to‘shadilar va hammasi zindonga tashlanadi.

Ertasi kuni Marziya qo‘rqoq ustaga mana bunday she’riy maktub yo‘llaydi:
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:21:27
Fosh etding-a bir kunda o‘zingni o‘zing,
Ay, munofiq, shon-shuhrating bir kunda so‘ndi!
Qayda eding, ay, mening gunohkor ko‘zim,
Sen qochqoqda nozikta’b qandayin undi?
Ko‘zlarimdan sezmadingmi so‘zimni,
Ishqdan o‘zga muruvvatlar menga chikora.
Tikkan edim har g‘ishtingga mehr ko‘zimni,
Qo‘shiqlaring his-tuyg‘umni etdi ovoza.
Biroq, nechun shuncha xislat, fazilat berib,
Qisgan ekan jo‘mardlikdan seni xudoyim.
Abas bo‘ldi, yo‘qotdi tusin o‘sha tergan
g‘ishtlaringu qo‘shiqlaring topmaydi joyin.
Chora yo‘qdir o‘z ishonching o‘zing aldasa!
Boshing ketsa keltirmaydi g‘am,
Chala qolgan hilxona ko‘proq
yuragimda uyg‘otar alam.
Bo‘lar ekan
ijodkorning ijodi sog‘roq...
Qamishsiz ham buloqlar, bil,
to‘lib-toshadi. Lek maqsadsiz qahramonlik
yarq etib so‘nar. Irodasiz qo‘rqoqni hech
demagil oshiq, Yurakdaki, qat’iyat yo‘q
bevafo bo‘lar.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:22:58
Aytmatov. Bu ajoyib va ibratli afsona bizga oddiy bir haqiqatni ko‘rsatib turibdi. Yaratgan Egam yosh yigitga kasb-hunar, go‘zallik, shirali ovoz ato etibdi. Inson o‘zining orzulariga erishmog‘i uchun mana shu fazilatlarning bittasi ham yetib ortadi. Biroq, kerakli paytda oshiq yigit irodasizlik qiladi. Natijada usta yigitning barcha fazilatlari bir pulga qimmat bo‘lib qoladi. Sen juda to‘g‘ri payqabsan: iroda, matonat yo‘q joyda sevgi-muhabbat to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Gohida muhabbat menga qandaydir kompyuter qurilmasiga o‘xshab ko‘rinadi. Agar ko‘zga ko‘rinmas birorta murvat ishdan chiqsa — bas, butun boshli murakkab buyum sariq chaqaga qimmat bo‘lib qoladi.

Shoxonov. Kunlardan bir kun Rasul Hamzatov ikkovimiz Kremldan «Moskva» mehmonxonasi tomon yayov yurib borayotgan edik.

—   Voy, xudoyim-ey! Nahot, bu Siz bo‘lsangiz-a, Rasul Hamzatov?! — degan ayol kishining jarangdor ovozi qulog‘imizga chalindi. O’girilib qarasak, yoshgina
o‘g‘ilchasini yetaklab olgan ko‘hlikkina rus ayoli turibdi.

Yuzlaridan quvonch alomatlari balqirdi. U sal narida navbatda turgan olomon tomon qayrildiyu kimgadir: — Petya! Tezda bu yoqqa kel! Qara, biz kimni uchratdik! — deb qichqirdi.
Navbatda turgan odamlar orasidan baland bo‘yli sarg‘ish erkak ajralib chiqdiyu biz tomonga jadal yaqinlashdi.
... — Sizning she’rlaringiz bilan meni ilk bor Petya tanishtirgan, — deb ayol erini ko‘rsatdi. — Uchrashgan paytimiz doim yurakni ezadigan, sirli she’rlar o‘qib berardi. Men shoirning xotini bo‘layotganim uchun ich-ichimda behad xursand bo‘lardim. To‘ydan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, Petya Sizning she’rlaringizdan o‘qib berar ekan. Agar ko‘ngulni eritib yuboradigan o‘sha she’rlaringiz bo‘lmaganda bizning turmush qurishimiz dargumon edi. Shu bois biz Sizning oldingizda, Rasul Hamzatovich, bir umr qarzdormiz! Biz Siz bilan uchrashib, minnatdorlik bildirib qo‘yishni orzu qilardik. Sizni hurmat qilamiz...

Hamzatov qovog‘ini osiltirgancha qo‘l soatiga nazar tashlab qo‘ydi.
—   Shoshmang, yana ikki-uch daqiqa vaqtingizni bizdan darig‘ tutmang! — deyishib er-xotinlar shoirni bir chetga boshladilar.
Dastlab, ayol yoddan she’r o‘qishga kirishdi:
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:23:54
—   Qaerdasan baxt, qani yorug‘ yulduzing?
—   Cho‘qqidaman, yetmagan seni oyog‘ing!
—   Qaerdasan baxt, cho‘qqiga yetib bordim.
—   Daryodaman, ehtimol unda suzmog‘ing.
—   Qaerdasan? Ming daryoni o‘tdim suzib.
—   Qo‘shiqdaman, ertaga bo‘lajak qo‘shiq.
—   Qaerdasan? Baxsh etdim sho‘x she’rlar yozib.
—   Oldingdaman! Eplasang, yetolgin jo‘shib!


So‘ng Petya she’rni she’rga ulab ketdi:

Hamma aytar ishqda bor deb omadim,
Hamma aytar hadsiz o‘ynab-kulganman.
Unisi ham, bunisi ham — hech kim qolmadi,
Aytishicha, shu qishloqda ko‘pni ko‘rganman!
Ishonma hech, gunoh nima bilmayman,
Esim tanib faqat seni ko‘rdim, azizam.
Bitta seni ayaganman, sevganman.
Zotan, bilmam kimligingni hali ham.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:24:57
Atrofimizni odamlar o‘rab olishdi. Rasul og‘a er-xotinga rahmat aytdi. Shu chog‘ olomon orasidan tikanak soqoli o‘sib ketgan, isqirt, mast bir kishi chiqib keldi-da, bujmayib qolgan ko‘kragiga mushtlab:

—   Muhabbat yo‘q! — dedi xirillab. — Bir vaqtlar men ham yaxshi ko‘rganman. Ammo, sevgilim menga xiyonat qildi. Sevgi to‘g‘risidagi hamma gaplar puch! — U gandiraklab kelib Rasul Hamzatovning bilagiga osilmoqchi bo‘ldi. Lekin, Petya uni bir siltab chetga tortdi.

—   Sizlarga hammasi uchun rahmat! — dedi Rasul og‘a ayolga qarab kulimsiragancha.
Mehmonxonaga kirayotgan paytimizda Rasul Hamzatov:
—   Ko‘rdingmi, muhabbatning ikki qutbi bilan biz bir joyda uchrashdik, — dedi hazil aralash.
Chike, boshqa mavzuga o‘tishimizdan oldin men Sizga yoshlik paytimda yozgan she’rimni o‘qib bermoqchiman.

Aytmatov. Jon deb eshitaman.

Shoxonov. Avvalambor, bu she’rning yozilish tarixini gapirib bermoqchiman. Gamburgda chop etiladigan gazetalarning birida yozilishicha, qandaydir ayol sudga eri bilan ajralish to‘g‘risida ariza beradi. Sud hay’ati a’zolarining yarash-yarash borasidagi maslahatlarini ayol uzil-kesil rad etadi: «O’n yetti yil bitta yostiqqa bosh qo‘yib yashagan bo‘lsak, erim menga har kuni faqat uch og‘iz gap aytardi, xolos. Ertalab: «Xayrli erta», derdi.   Kechqurun  ishdan  qaytgach:   «Nima ovqat qilding?» deb so‘rardi. Soat millari tungi soat un birga yaqinlashgach: «Qani, endi uxlaymiz», derdi, xolos. Sud ayolning da’vosini asosli deb topadi.

Yosh to‘kasan so‘ndi deb ishqi,
Sen sevarsan, erkalamas u.
Muhabbat, bil, qalbning qo‘shig‘i,
Ishqivorga eshitilar u
Ishqivor bilar.
Yig‘lamagin, kuymagin,
chin muhabbat sehrgarlikdir.
Unutmoqlik oson ish emas,
ishq yurakda topmaydi qadr,
Qalb qalbiga, so‘z so‘ziga tushmasa.
Kuy-qo‘shiqsiz yashash — jaholat,
Turgandaysan vulqon og‘zida,
Ishq kuylaydi — jon holat,
Baxtsizdir ul shunday payt,
O’z so‘zini ushlar bo‘g‘zida.

Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:26:20
Aytmatov. Tushundim. Ko‘pincha erkak bilan ayol ma’naviy jihatdan teng bulmaydi. Bu juda muhim masala. Anchadan beri shu haqda bosh qotirib yuribman. Bitta misol keltiraman. Shartli ravishda uni «Voyaga yetgan yigit va balog‘at yoshidagi qiz qissasi» deb ataylik. Ikkovi ham kelishgan, yoqimtoy. Tanishdilar, bir-birlaridan o‘zlariga ma’qul bo‘lgan fazilatlarni topdilar, shirin suhbatlar qurib, tunlarni bedor utkazdilar. Ular turmush qurishga qaror qildilar. Yoru do‘stlari, ota-onalari ham rozi bo‘ldilar. To‘s-to‘polonu shovqin-suron bilan to‘y ham bo‘lib o‘tdi. Ana-mana deguncha ikki-uch yil birga yashab qo‘ydilar. Muhabbat to‘g‘risidagi gap-so‘zlar ilgari o‘zlari sayr etib yurgan bog‘larda, ko‘chalarda qoladi. Ro‘zg‘orning ola xurjuni bo‘yinga to‘shadi. Shundan keyingina yoshlar anglab yetadilarki, ular hayotga butunlay boshqa-boshqa nuqtai nazardan yondoshar ekanlar, hayotni har biri o‘zicha tushunar ekan. Atrofidagi odamlar ham asta-sekin ular ma’naviy jihatdan boshqa-boshqa toifadagi inson ekanini anglay boshlaydi. Yorug‘ dunyoga kelgan chaqaloq ham o‘rtaga tushgan darzni chegalashga ojizlik qiladi. Bu yerda netib chin dildan suhbatlashish mumkin, netib sirlashish mumkin? Bittasining har bir so‘zi, har bir harakati boshqasining jig‘iga tegadi. Hatto bir dasturxon tevaragida o‘tirish ham azobga aylanib ketadi.

Xo‘sh, bunday holatda nima qilmoq kerak? Birov o‘z hayotini ham, rafiqasining keyingi turmushini ham zahar-zaqqumga aylantirib yubormaslik uchun ajralishga qaror qiladi. Boshqa birov esa bo‘lajak yolg‘izliqdan, mansabidan ajralib qolishdan qo‘rqib, har xil mish-mishlardan hayiqib yoki bolalarini o‘ylab xotini bilan it-mushukka o‘xshab hayot kechirishda davom etaveradi.
Ular odamlar oldida bir-birini yaxshi ko‘radigan, to‘kis oila sifatida o‘zlarini ko‘rsatishga intiladilar; ich-ichlarida esa bir-birlarini jinidan battar yomon ko‘radilar.
Albatta, ularning qaysi bir ma’naviy, axloqiy va insoniy jihatdan yuqori turishini sen yaxshi bilsang kerak?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:27:16
Shoxonov. Chike, hozirgina Siz gapirib bergan hodisaga o‘xshagan boshqa bir voqea esimga tushib qoldi. Go‘zal bir qiz bilan kelishgan bir yigit turmush quradilar. Oradan oylar, yillar o‘tadi.

Bir kuni ularni yaqin tanishlari mehmondorchilikka taklif qiladi. Dasturxon ustida siyosat to‘g‘risida, kim qanday mebel olgani to‘g‘risida, qay bir olg‘ir savdogar qanaqa mashina minib yurgani to‘g‘risida qizg‘in bahs bo‘ladi. Umuman, odatdagi mayda-chuyda gaplar. So‘ng erkaklar uch-to‘rt qo‘l qarta o‘ynash uchun to‘planadilar. Boyagi ayolning eri ham qartabozlar safiga qo‘shiladi.

O’sha ziyofat oqshomida birinchi marta ayol sochlariga oq oralab qolgan birovning eriga jiddiy e’tibor beradi. Erning gap-so‘zlari boshqalarnikidan yaqqol ajralib turardi. U hayotni yaxshi tushunardi, o‘ziga ishonar edi, mustaqil fikrlardi, salmoqdor edi.

Erkaklarning zavqlanib qichqirishlari qo‘shni xonaga ham eshitilib turardi. Ayollar ham bir nimalar haqida o‘zlaricha lof urishardi; ba’zan shivir-shivir qilishardi, ba’zan bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishardi.

Bizning ayol moshguruch sochli erkak bilan divanda yonma-yon o‘tirgancha suhbatlashib qoladi. Faqat mushohadalarning teranligi emas, hatto tovushining maromi ham, ma’noli nigohi ham ayol yuragini o‘ynatib yuborardi. Mulohazakor  erkakning  so‘zlarida uzoq paytlardan beri ayolni tashvishga solib kelayotgan savollarga asosli javoblar bor edi. Begona erkak uni butunlay o‘ziga rom qiladi.

Ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi uchrashuvlardan sung ular rostakamiga inoqlashib ketadilar. Bir-birini ko‘rmasdan yashay olmasliklarini ikkovi ham tushunib yetadi.

«Nega oldinroq uchrashmadik? Axir, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi-ku?!» deb afsuslanadilar o‘zlaricha. O’rtada bunday samimiy munosabat paydo bo‘lgani uchun ular aybdormi?
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:28:20
Aytmatov. O’z vaqtida Jamila timsolida mana shunga o‘xshash savollarga javob berishga urinib ko‘rganman. Darhaqiqat, kuyov-qalliq o‘rtasida paydo bo‘lgan ma’naviy jarlikdan ham dahshatli narsa bo‘lmaydi.

Shoxonov. Esimda, yoshlik paytimda bitta qizning kundaligida g‘alati so‘zlarni o‘qigandim: «Agar sevgan yoring asta-sekin senga qiziqmay qo‘ysa, unutma, bunda o‘zing ham aybdorsan!»

Haqiqiy ayol bo‘lish degani — san’at, balki ilmdir. Pasternakning ajoyib misralari esingizdami:

Ayol bo‘lmoqlik jasoratdir.
Aqldan ozdirmoq — qahramonlikmi?


Nazarimda, yana bir xususiyat qo‘shilishi kerak. Qanday? To‘g‘ri, sevishning o‘zi ham juda katta davlat. Lekin, sevilish ham muhim ahamiyatga ega. Ayollar bir-biriga tez-tez mana bu ma’noda shikoyat qiladilar: «Men uni dunyodagi hamma narsadan ortiq yaxshi ko‘raman. Lekin, nima uchun u meni yaxshi ko‘rmaydi?!»

Ayol bo‘lib tug‘ilishning o‘zi taqdirning buyuk inoyatidir. Chunki, ayol erkakdan munisligi bilan, tuyg‘ularining teranligi bilan, kechirimli ekani bilan, qolaversa, ojizligi bilan ajralib turadi. Erkaklar yozilmagan qonun-qoida va majburiyatga bo‘ysunadilar: ular doimo ayollarga yo‘l bo‘shatib berishadi, unga yordam beradilar, himoya qiladilar. Shu bois ayol kishi go‘zal bo‘lishdan tashqari asrlar davomida sinovlardan o‘tgan xalqning ma’naviy boyliklarini o‘zlashtirib olmog‘i, shuningdeq, an’analarni, urf-odatlarni, tarixni, qadimiy donishmandlikni bilmog‘i lozim. Jamiki xatti-harakatlar zamirida — quvonch va tashvish, kiyinish, yaqin va uzoq kishilarga muomala, hatto jahl chiqqanda koyinish zamirida ham ayolga xos milliy madaniyat, munislik bo‘lishi kerak. Muhabbatni asrash uchun, seni sevadigan erkakni doimo xuddi ohanrabodek tortib turish uchun muttasil izlanish zarur. Haqiqiy ma’nodagi ayol darajasiga ko‘tarilish nihoyatda mushkul vazifa. Bu yo‘l bag‘oyat og‘ir, lekin boshqa muqobil yo‘l yo‘q. Ayolning har bir qadami ko‘zga ko‘rinib turadi va albatta aks sado beradi. Ayollardek kiyinib, sirg‘a va uzuk taqib yuradigan xotinlar juda ko‘p, ammo haqiqiy fazilatlarga ega bo‘lgan Ayollar juda kam.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:28:58
Xotinlar orasida tili zahar, doim birovlarning go‘riga g‘isht qalab yuradigan takasaltanglar ham bor. Xudoga shukrki, tom ma’nodagi buyuk ayollar ham oz emas.

Bir safar suhbatlashib o‘tirgan paytimiz Yevgeniy Yevtushenko bunday degan edi:
— Muxtor, mening nazarimda, muhabbat masalasida erkaklarga nisbatan ayollar bizdan ustun turadilar. Xudo saqlasin-u, agar ular rostakamiga sevib qolsalar bormi, e-e, qiyomat boshlandi deyaver! Dunyo teskari ag‘darilib ketsa-da ular sezmaydilar!

Aytmatov. To‘g‘ri. Yevtushenkoning fikrlariga qo‘shilaman: qiyomat boshlansa ham yoki... yangi olam paydo bo‘lsa ham sezmay qoladilar.

Shoxonov. Yuqorida aytilgan gaplarni o‘z she’rim bilan yana bir bora tasdiqlamoqchiman.

Everest, ko‘z ilmas muzaffar cho‘qqi,
Jon berdi nechalar poyingda ilhaq.
Ishonch nurin ulagan qalbdagi cho‘qqa
O’shalar yelkangda yoqoldi chiroq.
Everest aslida ishqqa o‘xshaydi,
Qoyalarda umidvor yotar tilaklar.
Quyoshga bir qadam, shamol qaqshagan,
Cho‘qqini egallar burgutyuraklar...
«Tamom-vassalom.
Ildiz-da qo‘pordi shamol,
Umidlar sob bo‘ldi, qopladi zulmat.
Nahot mazax bo‘lsa a’molim.
Qo‘rquv borar tobora chulg‘ab», —
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:29:19
O’ylaydi Tranzey.
Qonunga ko‘ra,
O’z-o‘zini o‘ldirishi shart edi uning.
Zodagon taqdiri Neron davrida
O’zgarib turdi har kuni.
Mana, xanjar yaraqlab go‘yo
kular ustidan:
«taqdir qo‘shgan payt keldi, chog‘i?..»
Butun atrof — deraza orti,
ostona to‘la odam. Shivir-shivir:
«Rim qonuni hurmati
O’zingni o‘ldir!
Shu ulug‘ Neron hurmati».
Devor zaxdir...
Hayot bilan mamot kurashib toldi.
Qo‘l bormaydi xanjarga tomon.
Hayot shirin, azob go‘yo yo‘qoldi,
Sekin kirdi issiq bag‘riga, o‘-o‘ jon!
Tayyor edi gullamoqqa ushbu dam...
Qo‘rquv boshlar sharmisor raqsin,
Irodayu orni burdalab.
Shunday payt oq-oppoq ko‘ylaqda
Arriya kirar birdan.
Ana qaddu ana qomat!
Ko‘zlari-chi, buncha mayin malaksan!..
So‘z qotdi Tranzeyga: —
Er yaratdi seni xudoyim,
Boylik berdi, baxt berdi.
Ammo, vaqt keldi,
Nimang bo‘lsa, barchasi-la vidoning.
Qo‘rqoqlik shuhrati nahot yarashsa?
Erkak degay noming aziz bo‘lsa gar,
Nechun anduh?
Ko‘zingni och, sevgilim!
Mazaxdan, isnoddan a’lodir o‘lim!
Mendek bir ayolga ishon.
Xanjarni ol.
Qo‘llaring qilt etmasin.
Yo‘q esaydi shunday og‘ir sinovlar,
Sezmas edik irodaning qirrasin.
O’ylaysanki, o‘zi kelar baxt?
Baxt-da, asli, ogohlantirish.
Bo‘lib qolsin bu so‘nggi ahding.
Ketdik, qilganimni takrorla...
Kirish!.. Tranzeydan uzmay nigoh
Mehr to‘la ko‘zlarida metin iztirob,
O’z ko‘ksiga Arriya nogoh
Xanjar urdi kulumsirab.
Ikkovlari qo‘rquv, shubhani yengib,
Nur taratib yulduz, oydayin,
Har yurakda qaytadan unib
Yotar edi olomonning poyida,
Bir lahza qo‘rquvga yon bergan erkak
qimmatin asradi o‘tli muhabbat.
Yashasin, ishq!
Maqtash kerak cho‘qqini beshak,
Ammo, faqat balandligini!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:30:11
Aytmatov. Stendal bunday degan edi: «O’z muhabbati uchun kurashayotgan ayol jasoratidan ham ulug‘roq nima bor?» Sen ham she’rda juda to‘g‘ri aytibsan: ruhiy ulug‘lik maqtovga muhtoj emas.

Agar muhabbatning asosiy o‘lchovi muqimlik bo‘lsa, qadim zamonlarda har bir xalq, har bir millat uni o‘z tushunchalari doirasida, diniy nuqtai nazardan idrok etgan. Qadimiy taqvimlarda, qoyalardagi rasmlarda, papirusga ishlangan gravyuralarda, qaro yer qa’ridan qazib olingan tosh tobutlarda marhum erining orqasidan narigi dunyoga ketish uchun o‘zlariga o‘zlari o‘t qo‘yib yuborayotgan ayollarning tasvirini uchratish mumkin.

Bunday vahshiyona urf-odat dunyoning turli burchaklarida rasm bo‘lgandi. Masalan, Xitoydagi Xoynon orolining aholisi marhum er jasadini shoyiga yoki hayvon terisiga o‘rab tobutga qo‘yardi-da, oyoq-qo‘llari chirmab bog‘langan tirik xotinni uning yoniga yetqizishib, o‘t yoqib yuborishardi. Agar er-xotin narigi dunyoga birga ketsalar, u dunyoda ham baxtli turmushlarini davom ettiradilar, deb ishonishardi.

Gerodot kabi qadimiy muarrixlarning asarlarida ham shunga o‘xshash g‘aroyib hodisalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga duch kelish mumkin. Agar birorta asilzoda zot vafot etsa, narigi dunyo eshigini ko‘p sonli xotinlaridan eng suyuklisi ochishi kerak edi. Ya’ni, eng suyukli ayol ham er jasadi bilan birga yoqib yuborilardi. Bu hol har xil mojarolarga sabab bo‘lardi. Chunki, yaqin do‘stlar asilzodaning hayotlik paytida qay bir xotini eng suyuklisi ekanini aniqlab qo‘ymoqchi bo‘lardilar. Marhumning do‘stlari dafn marosimida qaysi xotin eng suyukli ekanini e’lon qilishgan chog‘da bechora suyukli ayol o‘zini bag‘oyat baxtli his etardi. Yaqin qarindoshlaridan biri «suyukli xotin»ni o‘ldirib, marhumning yoniga yotqizib qo‘yardi.

Boshqa xotinlar esa dod-voy qilishardi. Negaki, ularning nazarida, marhum erdan keyin qolib yashashdan ham battar baxtsizlik bo‘lishi mumkin emasdi.

Sulaymon orolida agar yo‘lboshchi vafot etsa, dafn marosimiga to‘plangan ta’ziyachilar uning xotinini bo‘g‘ib o‘ldirishardi. Keyin yaqin qarindoshlari, xizmatkorlari jazavaga tushish uchun zaharli giyohning sharbatidan ichishardi-da qabr tepasiga borishib, o‘zlarini dorga osib qo‘yishardi. Ularning tushunchasi bo‘yicha, yo‘lboshchini narigi dunyoga yolg‘iz o‘zini jo‘natib bo‘lmasdi.

Ayrim qabilalarda unashtirib qo‘yilgan qizning qallig‘i to‘satdan o‘lib qolsa, qiz bo‘yniga sirtmoq solib yurardi. Shu yo‘sinda boshi ochiqligini anglatardi. Umr bo‘yi buynidagi o‘sha sirtmoq bilan yashashga majbur edi. Somo-somo qabilasining mashhur yo‘lboshchisi Ro-Mbiti Fiji orolida suvga cho‘kib o‘lgach, marhumning o‘n yetti nafar beva xotinlari ham o‘ldiriladi.

Qadimiy skiflar, yunonlar, litvaliklar o‘rtasida ham ana shunga o‘xshagan «muhabbatga sadoqat» hodisasi juda keng tarqalgan edi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:31:07
Shoxonov. Bu o‘rinda gap faqat muhabbat to‘g‘risida emas, balki bid’atlar, ko‘r-ko‘rona taqlid to‘g‘risida eslatib o‘tmoq lozim. Yaqin-yaqingacha Afrikadagi ayrim qabilalar orasida agar yo‘lboshchi yoki uning xotini vafot etsa, marhumga qo‘shib xizmatkorlarni ham dafn etish odati mavjud edi. Qurbonlikka ajratilgan xizmatkor-qullar bunday o‘limni muqaddas deb bilardilar. O’shanday vahshiyona rasm-rusumlar ado etilayotgan marosimda bir marta tasodifan yevropaliklar ham qatnashib qoladilar. Ular qullarning yonini olmoqchi bo‘ladilar. Biroq, qullarning o‘zlari keskin norozilik bildiradilar: «U dunyoda xo‘jayinimizga kim ovqat qilib beradi?!» deyishadi.

Qadimiy hindlarning nayar qabilasi o‘ziga xos oilaviy turmush kechirganlar. Yoshlar to‘ydan keyin bitta uyda yashamasdilar. Kuyov otasining uyida, kelin ham o‘zining xonadonida yashayverardi. Kelin bir yil davomida faqat uch-to‘rt kungina erining uyida yashash huquqiga ega bo‘lardi, xolos. Oilada bola tug‘ilgandan keyin ham o‘sha odatga rioya qilinardi. Tez-tez umr bo‘yi bir-birining oldida hech qanday moddiy majburiyatga ega bo‘lmasdi. Har kim o‘z holicha bir kunini ko‘rib yuraverardi. Qizig‘i shundaki, ular orasida qo‘ydi-chiqdi kamdan-kam hollardagina ro‘y berardi. Ehtimol, kamyob uchrashuvlar bayramona kayfiyatda kechgani uchun qo‘ydi-chiqdi bo‘lmas?
Dayak qabilasida uylanish va qo‘ydi-chiqdi masalasi boshqalarnikiga o‘xshamasdi. O’sha elatning urf-odatlarini sinchiklab o‘rgangan etnograf Per Pfeffer: «Erkak ham, xotin ham qo‘ydi-chiqdining teng huquqli tashabbuskori bo‘lishi mumkin. Dayaklar bunday hodisaga tabiiy hol sifatida qaraydilar», deb yozadi.

Muhabbat va nikoh masalasi atroflicha o‘rganilgan bo‘lsa-da, ammo millionlab baxtsiz muhabbat tufayli singan taqdirlarning fojiasini ko‘pchilik bilmaydi. Odamlar ko‘zidan yashirincha ro‘y bergan fojialar ham serob.

Aytmatov. Dunyoqarash va dunyo to‘g‘risidagi tasavvurdan kelib chiqqan holda har kim muhabbatga o‘z yo‘lidan boradi. Lekin, inson tabiati shunday qurilganki, u tez-tez xato qilib turadi: o‘tkinchi hoyu havasni ko‘pincha haqiqiy Muhabbat deb o‘ylaydi. Asil muhabbat og‘riq bilan keladi.

Ma’nan barkamol va iqtidorli insonlar kamdan-kam hollardagina bir-birlarini topadilar va turmush quradilar. Men xalqaro «Muhabbat qomusi» yaratilishini taklif etmoqchiman. Unda muhabbat tufayli dunyoga kelgan buyuk fazilatlar, jasoratlar, hodisalar o‘z aksini topishi kerak.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:33:48
Shoxonov. Odamlar ahmoq bo‘lgani uchun baxtsiz emaslar.

Ko‘p yillar muqaddam Moskvada bo‘lib o‘tgan ijodiy kechamda zalda o‘tirgan tomoshabinlardan birovi savol berib qoladi. Esimda, o‘sha savolga bunday deb javob qaytargan edim: «Agar o‘n million nafar aholi istiqomat qilayotgan ulkan Moskva shahrida tom ma’noda baxtli bo‘lgan, ma’naviy jihatdan bir-birini boyitadigan, ruhan yaqin, dunyoqarashi yaqin ming juft oila bo‘lsa, shuning o‘zi ham juda katta voqea bo‘ladi». Keyin bafurja o‘ylab ko‘rib, o‘sha she’riyat oqshomida qiziqqonlik qilib, taxminiy baxtli oilalar miqdorini ancha oshirib aytib yuborgan ekanman, degan xulosaga keldim. Menimcha, haqiqiy muhabbat bu dunyodagi eng bebaho, kamyob hodisadir.

Men butun insoniyatni ikki toifaga bo‘lgan bo‘lardim: sevishga qodir bo‘lgan insonlar va muhabbat tuyg‘usidan benasib bo‘lgan insonlar.

Hindistondagi buyuk saltanatning sohibi bo‘lmish Shohjahonning suyukli xotini Mumtoz xonim vafot etgach, chinakam muhabbat egasi bo‘lgan podsho bu yorug‘ olamda yolg‘izlanib qolgandek his etadi o‘zini. Uning g‘ussador yuragiga qil ham sig‘may qoladi. Bitmas-tuganmas xazina ham, ohu ko‘zli malaklar ham shoh judo bo‘lgan suyukli yor o‘rnini bosmaydilar. Shundan so‘ng donishmad shoh o‘ylaydiki, marhum rafiqasi sharafiga bu dunyoda betimsol bo‘lgan ajoyib yodgorlik barpo etsagina g‘amboda ko‘ngul andak xotirjam bo‘lishi mumkin. Ular 19 yil bir yostiqqa bosh qo‘yib yashagan, to‘qqiz farzand ko‘rgan edilar. Shohjahon suyukli yorining xotirasi uchun benazir Tojmahal (XVII asr) osori atiqasini barpo etadi. Olamdagi yetti mo‘‘jizaning bittasi sifatida tan olingan qorday oppoq o‘sha saroy hozir ham buyuk Muhabbat timsoli bo‘lib turibdi. Hamon o‘z go‘zalligi bilan butun insoniyatni hayratga solayotir. Muhabbatning ma’lum bir qonun-qoidasi yo‘q. Lekin, yer yuzida muhabbatga o‘rnatilgan turli xil yodgorliklar juda ko‘p.

Aytmatov. 70-yillarning oxirlarida Mariyam ikkovimiz Moskvaga borib, mehmonxonadan joy oldik. Bizning kelganimizni eshitib, bir oqshom sen huzurimizga tashrif buyurding va buyuk qozoq bastakori Yestoyning muhabbatiga bag‘ishlangan she’ringni o‘qib berding. Menimcha, o‘sha asar bizning suhbatimizga xuddi uzukka qo‘yilgan ko‘zday yarashib to‘shardi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:34:34
Shoxonov. O’sha asar «Shirin azob to‘g‘risida ballada» deb ataladi. Uni jon deb o‘qib beraman.

Xalq mehrini qozongan «Xo‘rlan» nomli qo‘shiq yaratgan shoir Yestoy yetmish ikki yoshga to‘lib, ajali yetganini sezib, sadoqatli do‘sti Nurlibekni huzuriga chorlaydi. Nurlibek otdan yiqilib oyog‘ini sindirib olgan edi. Lekin, do‘sti chorlayotganini eshitib, aravani qo‘shdiradi-da ikki kechayu ikki kunduz yo‘l yurib, do‘sti Yestoyning huzuriga yetib keladi.

Shoirning barmog‘ida vaqt o‘tishi bilan xiyla yupqalashib qolgan tillo uzuk bor edi. U qaltiroq qo‘lini  yuqori ko‘tarib: «Chollarga aytgin, Xo‘rlan sovg‘a qilgan manavi uzukni barmog‘imdan yechib olishmasin. Ellik bir yildan beri shu uzukdan ajralganim yo‘q. O’limimdan keyin ham men bilan birga bo‘lsin», deydi. So‘ng, yum-yum yig‘lay boshlaydi: «Oh, sevgilim, mana shu kichkina uzukka netib buyuk tuyg‘ularingni joylab qo‘ygansan-ey!»

G’am-anduh-la huzurimga keldi ayol,
So‘zlamadi, nazarimda, bo‘zladi:
«Nima qilay, qizginamda bir xayol,
Shamdek so‘nar, ozib-to‘zg‘igan?
Umrim bo‘yi undan ko‘zim uzmadim,
Bo‘y yetganini ko‘ray ko‘zlarim tirik,
Nima desa qildim, so‘zin buzmadim,
Oiladir avlodlarga ko‘prik.
Binoyidek ta’lim oldi, bo‘yi o‘sdi,
Odob-axloq bobida-ku tengsizdir,
Nima deyin, har sohada zap o‘zdi,
Ammo, faqat oiladan baxtsizdir.
Shu kungacha alam nima, g‘am nima
bilmas edik, faqat o‘sha jarohat
yuragimni pora-pora tildi-ya,
ko‘tarildi yuragimdan farog‘at.
Qayg‘u uchun uch yil muddat — cheksizlik,
Shodlik boshqa, o‘lchanmaydi yil bilan.
Faqat artist shodmon yurar, g‘amsizdir,
Xayolida musiqayu do‘mbira.
Xotiniyu yana olti bolasi
Menga qolgan barcha tashvish, yupatish.
Yildan yilga oqar ko‘zim jolasi,
Qizim bo‘lsa to‘la-to‘kis baxtiyormish.
Kulib turib u qaytargan yigitni
Siz so‘ramaig, men aytmayin kimligin...
U kalta soch, esipastdek o‘zin tutadi,
Jizg‘anagi chiqib ketgan o‘tloqdan
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:35:03
Balki, ko‘m-ko‘k shira o‘tlar kutadi...
Hali-da kech emas, bordir imkoni,
Oldinda turibdi butun bir hayot.
Qalbda-chi, xafalik — tordir osmonim,
Anduh to‘la yuragimning bayoti.
Unga nima, yo‘q ekanmish yoqqani,
Lek kechalar ho‘l chiqadi yostig‘i.
Qarabsizki, tong ohista otarkan
qaytaradi to‘tiqushdek baxtini.
Uning qalbi boychechakday nav nihol,
Qanday asray gulga kirgan bu bog‘ni?
Maslahat ber, shoirim, sen so‘zi bol,
Bir so‘z aytgin, ochsin qizim qarog‘in...»
G’amnok ona qaytdi iziga,
O’z g‘amida o‘z holicha haq.
Jaranglaydi quloqda so‘zi,
O’ylatadi, ochadi ko‘zni:
Tugamoqda, mana, asr ham,
O’tib ketdi ne-ne insonlar.
Biz sezmadik, o‘tdi sezdirmay,
Eslanmayin qalbi osmonlar.
Mahbubasin kuyladi shoir,
Ular nomin xalqi unutmas.
Qalbim yoqdi Yestoyning she’ri —
Xalqin eslar, unutib bo‘lmas.
Bu haqda bor shunday rivoyat
O’lim oldi Yestoy bir kuni,
Chaqirtirib olisdagi do‘stini
va so‘zlabdi ajib hikoyat:
«Hoy, Nurlibek, shuncha yillar birdayin
uzangida yorug‘ kunlar o‘tkazdik.
Hayotimni jang qilmasdan bermayman,
Ammo o‘lim kuchli, sezib turibman...
Tushunasan shoirning sen yuragin,
Shu bois chorladim seni so‘nggi dam.
Hayot-mamot chizig‘i o‘tgan —
Ushbu joyda haqikatni angladim:
Hayot baravj ishqqa to‘la kunlardir,
Muhabbatsiz inson qalbi bir bo‘shliq.
Buni bilar hatto «ahmoq» shoirlar,
Tarjima qilarlar yoniga qo‘shib.
Daryo tili, tog‘lar nutqi — Menga ma’lum.
Tillashdim. Yarim asr kunday o‘tdi,
Xo‘rlan bilan sirlashdim.
Demakki, yashadim. shunchaki emas.
Uning orzusida uyg‘onib-yotdim.
Shuncha yil har soat baxtdan edim mast.
Har soat shuncha yil anduhga botdim.
Muhabbat dardida sezmam ochunni,
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:35:35
Biroq, go‘zal, nurli edi qalbimda og‘riq.
Ko‘zyoshimga hasad hilar oshiqlar,
Ular endi gulga kirgan olchami?
Mayli, taqdir menga bo‘ldi qattiqqo‘l,
Kasal emas, hijronlar kechar mushkul,
Ayricha ketgandi hayotimda yo‘l,
Tirik qoldim ishq tufayli hartutul.
Yarim asr yarqirar Xo‘rlan uzugi.
Yengdim qancha to‘fonlarni yo‘limda.
Yarim asr yorim ko‘zin uzmadi,
O’zi porlab, nur taratdi qo‘limdan.
Ajdodlar odati meni kechirsin,
Zorimni eshitib, etsin istisno.
Xo‘rlanning uzugin qo‘limdan yechmasin,
Olis yo‘lda menga bo‘lsin oshno.
Men keturman boyagiday baxtiyor,
Jon holatda ishqim bilan omonman.
Umid ko‘zim shuni etdi ixtiyor —
Barcha yo‘llar eltar Xo‘rlanga tomon.
Hayotda erishgan orzu orzumas,
Mening orzuim — mangulikka daxldor.
Xo‘rlan men-la doim birga, narimas...
degancha olamdan Yestoy o‘tadi».
Qachonki, Xo‘rlanga yetgach bu xabar,
dedi shodmon: «Yestoy, Yestoy, tanidim,
Shoirga munosib quvonch va qadar —
To so‘nggi damgacha sezdim, kuylading».
Va «uv-v» tortdi aytib mehrini kampir.
Yelkada oq ro‘mol oyday nurlanar,
U aytgan aytimda muxtasar taqdir,
Muhabbat shunchayin zanjirlar solar.
Yillar o‘tdi...o‘limga-da berib yo‘l,
Fikran yengib do‘zax azobin,
Suyukli u ko‘zlar, kuylangan bir yo‘l
bo‘lsa-da, Yestoyning so‘rar qo‘shig‘in...
Yo xudoyim, bir noziklik yuzda aks etdi,
Va xasta dil dedi hansirab:
«Muhabbatim juda cheksiz,
misoli dengiz... Sen tomon shoshaman...»
Jon uchar, yorab!
Sevgan dilni so‘kma, ne qilding yanib,
Sevgiga sadoqat — jasorat axir.
Musibatdir sevgi o‘tsa aylanib,
Joy bermasa unga yurakdan taqdir.
Ona, hasad yiqar odamni,
Go‘zallikni ko‘rolmas ko‘zdan
etib turgan og‘riqlar kammi?
Ular bir kun topar o‘zini,
Biroq, sevgi shundayin in’om —
Uning dardin Haqdan qidirsin.
Ularni qo‘y, to‘la bo‘lsin jom,
Ko‘zyoshingmas, sharob simirsin.
Baxtim deya chopgan kunlarning
qanotlari bo‘lar qayrilgan.
Baxtin tila, alqa ularni.
Kim aytadi o‘lim ayirgan,
Muhabbat, aslida, abadiy Vatan!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:36:53
Aytmatov. Senga ikki-uchta voqeani aytib bermoqchiman. Bular to‘g‘risida yoshlik paytimda o‘qigan bo‘lsam ham hozirgacha esimdan chiqmaydi. Buyuk mutafakkir Ieremi Bentamning muhabbatga sadoqati alohida bitta doston bo‘ladi. O’smirlik paytida u bir qizni yaxshi ko‘rib qoladi. Unga turmush qurishni taklif etadi. Biroq, qiz rad qiladi. Oradan yillar o‘tadi. Bentam o‘zi tanlagan qizni hamon yaxshi ko‘rib, so‘qqabosh bo‘lib yuraveradi. Oltmish yoshga yetgach, sevgilisiga maktub yo‘llaydi, hamon yaxshi ko‘rishini bayon qiladi. Biroq, bu safar ham rad javobini oladi.

Aytishlaricha, o‘sha qiz to‘g‘risida gap ochilib qolsa — bas, Bentam darrov ko‘zlariga yosh olib, birdan hayajonlanib ketar ekan.

U sakson yoshga to‘lgach, sevgilisiga eng oxirgi xayrlashuv maktubini yo‘llaydi: «Jonginam, men hali hayotman. O’n olti yashar paytim senga gullar taqdim etgan damlarda qanchalik yaxshi ko‘rgan bo‘lsam, hozir ham o‘shanday sevaman. Men seni sevaman. Shunday muhabbat hadya qilgan taqdirimdan roziman. Alvido!»

Mashhur ingliz sarkardasi, gertsog Vellington mo‘‘jizaviy ham g‘amboda muhabbatni boshidan kechiradi. Ko‘pchilik asilzoda xushtorlarning oromini o‘g‘irlab qo‘ygan go‘zal Katerina gertsogga moyillik bildiradi. Ular saodatli kunlarni birgalikda o‘tkazadilar; bir-birlarini umrbod sevishga qasam ichadilar. Biroq, Katerinaning otasi lord Gongford qizini o‘sha yigitga erga tegishini aslo istamaydi. U ikki oyog‘ini bitta etikka tiqib turib oladi. Vellingtonni Hindistonga harbiy xizmatga jo‘natib yuboradilar. Hurliqo Katerina esa suyukli yorini kutib yashayveradi. To‘qqiz yildan so‘ng vataniga qaytgan Vellington sevgilisi Katerinani tanimay qoladi. Vaholanki, kechasiyu kunduzi faqat shu qizni o‘ylardi. Yig‘layverib yuzlari shishib ketgan Katerina betiga yopig‘lik turgan pardani ochishga zo‘rg‘a rozi bo‘ladi. Chechak uning gulchehrasini badbashara qilib yuborgandi. Lekin, bu hol Vellington uchun to‘siq bo‘lolmaydi. U dabdabali to‘y qilib, sevgan yoriga uylanadi va baxtli hayot kechiradi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:38:33
Shoxonov. 50—60-yillari G’arbiy Yevropada paydo bo‘lgan «jinsiy inqilob» butun dunyoni zabt etadi. Bu xavfli kasallik insondagi eng bebaho fazilatlardan birini — uyatni mahv etib yuboradi. Jinsiy aloqalar erkinligi bayrog‘i ostida buzuqchilik targ‘ib qilinadi. Bunday bema’nilik zamonaviy madaniyat sifatida talqin etiladi. Shu munosabat bilan kimdir zaharxanda qilgandi: «Pornografiya — o‘likxonada yotgan xunasaning muhabbati».

Darhaqiqat, olimlarning e’tirof etishicha, inson salomatligini va ruhiy tetikligini saqlab turish uchun uchta narsa kerak ekan. Birinchisi — oziq-ovqat. Ikkinchisi — uyqu va yaxshi kayfiyat. Uchinchisi — muhabbat yoki jinsiy aloqa. Inson ovqat yemasa, kuch-quvvatini yo‘qotadi. To‘yib uxlamasa, odam kasal bo‘lib qolishi mumkin. Jinsiy aloqadan mahrum bo‘lgan odamning tabiati keskin o‘zgarib ketadi. U jizzaki bo‘lib, ishchanlik qobiliyatini yo‘qotadi. Oxir-oqibat jinni bo‘lib qolishi ham hech gap emas. Shu sababdan qadimiy donishmandlar insonning jinsiy hayotiga alohida e’tibor beradilar. Jinsiy muloqot tuyg‘usi ma’naviyat bilan boyitilishi kerak.

Yer yuzasidagi odamlar har xil tillarda gaplashadilar. Biroq, faqat bitta tilda — yurak deb atalmish zabonda sevgi izhor qiladilar, quvonadilar, sog‘inadilar. Yanglishmasam, Amazonka sohillarida yashaydigan bitta qabila a’zolari yuzma-yuz o‘tirib ovqatlanishni o‘taketgan odobsizlik deb hisoblashar ekan. Boshqa masaladarda hech qanday axloqiy g‘ov yo‘q emish. Balki, jinsiy inqilobning ilhomchilari Amazonkada yashaydigan yovvoyi qabiladan bo‘lmag‘ur g‘oyalarni o‘zlashtirib olishgandir? Nima bo‘lganda ham, asrimizning eng katta fojiasi shundan iboratki, inson hayotidan axloq va uyat haydab chiqarilayotir.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:39:01
Hozir tadqiqotchilar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki xil fikr bildirmoqdalar. Ayrimlari buyuk  muhabbatlar davri  qaytmas  bo‘lib  ketganidan chinakamiga qayg‘urayotgan bo‘lsalar, boshqalari esa kelajakka umid bilan qaramoqdalar: chekinish vaqtincha bo‘ldi, insoniyat ertami-kechmi, albatta o‘zining qudratli manbaiga — Muhabbatga qaytajak, deb hisoblaydilar.

Xuddi ana shu mavzuga bag‘ishlangan «Adashgan ko‘zlar» nomli she’rimni o‘qib beraman.

Har gal maqtarkan yorin
Osmon qadar shoir
Charchamas shunday demoqdan:
«Bu dunyoda ayol yo‘qdir,
Sevgilimdan go‘zal,
jozibu hurliqo bo‘lsin!
U tengi yuq taqdir!»
Bunday she’rdan ruhlangan
Bir hukmdor oshiqur
O’sha «tengsiz» yorni ko‘rmoqqa.
Qarshisida, ammo, qarang,
Har kun ko‘rib yurgan tasqara
xizmatkoru oshpazdan
tuki, tusi o‘zgamas,
oddiygina nozik qiz turdi...
Taajjubdan hayron bo‘ldi shoh,
va shoirni oldi g‘azabga:
«Shumi aytgan seni go‘zaling,
Senga garchi ko‘plar qiladi hasad.
Ammo, qani o‘sha did, farosat?»
Shoir mag‘rur javob qildi:
«Xafa bo‘lmang, shahanshohim,
shon-shavkatli, kuchli siz.
Ammo-lekin, bir tuyg‘u bor,
sezmagansiz uni siz.
Qarang, qizning yuzigamas,
nomus-ordan qo‘rg‘on qalbiga,
va albatta qarang unga
mening ko‘zimdan...
Aks holda, tanimassiz
muhabbatning saroyida
kimlar shohu kimlar gado!»
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:39:15
Va ming yildan so‘ng
Shahvatlar kemirgan,
Kam qonlik yuzga urgan,
Rangi sariq,
Shaxsiy vijdon, nomusga ega,
Bag‘ri toshdek,
axloq — moshdek,
Lekin, texnik bilimli
Qora tutday
Ko‘zoynagi-la
bizga peshvoz,
shahdam qadamlab
kelayotir
kuch-qudratli
XXI asr.
Xudoyim-ey, unga ne bo‘ldi?
Joyidamas ko‘zlari,
Qaraganda
mish-mish so‘zlarga
ular beldan
pastda emish.
Balki, ular cho‘ntakda,
yana qaydam...
Olis asrlik shoir
Muhabbatni anglash,
va baholash uchun
Taklif qildi:
tikilishni
inson ko‘ziga
qaerdan keldigu?
Boramiz qayga?
Shurost bo‘lsa, dahshat.
Ortda yo‘l yo‘q,
Ammo yo‘lni istaydi ko‘ngil...
Dilda esa bir
tashvishli chakin...
Achinaman qizimga
O’z joyiga qaytarmasa
ko‘zlarini XXI asr.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:39:42
Aytmatov. XX asrda insoniyat ikki marta jahon urushiga va ko‘plab mintaqaviy xunrezliklarga guvoh bo‘ldi. Yadroviy sinovlar, halokatli zilzilalar, fazoni o‘zlashtirish va shu bilan bog‘liq bo‘lgan yuksak ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ham ro‘y berdi. Ayni paytda bobolarimizning ming-ming yillik tajribalari natijasida sinovlardan o‘tib, sayqal topgan ma’naviy-axloqiy mezonlar misli ko‘rilmagan darajada tubanlashib ketdi. Muhabbat deb atalmish buyuk tuyg‘u — hayot manbai, hayotni harakatga keltiradigan qudratli kuch ham o‘zining asil mavqeini yo‘qotib borayotir, yoshlar tomonidan behuda ermakka aylantirilyapti. Mening nazarimda, insoniyat istiqomat qiladigan jamiyat uchun faqat yadroviy urushgina bundan-da dahshatli xavf solishi mumkin. To‘g‘ri, biz ko‘p narsalarga erishdik. Afsuski, yo‘qotgan narsalarimiz ham undan-da ko‘proqdir. Xususan, qadim zamonlardan buyon insoniyatning tayanchi bo‘lib kelayotgan axloqiy-ma’naviy printsiplarni boy berib qo‘ydik. Ishonchim komilki, Andrey Voznesenskiy: «Agar inson buziladigan bo‘lsa, jamiki taraqqiyot reaktsiondir!» deganda aynan mana shularni nazarda tutadi. Iltimos, «Beshinchi erkak» nomli she’ringni o‘qib bergin! Bir paytlar o‘sha she’ring menda juda katta taassurot qoldirgandi. Ustiga ustak, nazarimda, bugungi suhbatimiz ham poyoniga yetib borayotir.

Shoxonov.

Or-nomus aziz bo‘lgan
Qadim O’trorda
Fidoiy bir yigit
Ofatdan yurtini saqladi.
Evaziga hukmdor buyurdi taqdirlashni:
«Uch boylikni senga aytaman,
Ammo, birin tanlashing lozim.
Biri — aql, donolarga munosib,
Parvozingdan olam holar lol.
Biroq, kutar seni yolg‘izlik.
Ikkinchisi — go‘zallik bo‘lar,
Seni ko‘rib qamashadi ko‘z,
Uyg‘otadi hasad go‘zallik.
Eng oxirgi tuhfam — saxovat,
Ota yurtday bepoyon bir qalb —
Dushmanlarni do‘st hiladi u».
Jasur yigit o‘ylanib dedi:
«O’-u, shahanshoh, minnatdorman,
lek eng yaxshisi — ayol sovg‘a qil,
Aytganlaring bo‘lsin mujassam.
Men erkakman, bahoriy daryo,
O’zanimdan tosharkan ba’zan
Suv bosadi boshqa qirg‘oqni.
Men erkakman, yukim og‘irdir,
Va ko‘ngilchan, hozirjavobman,
Ishonaman inson so‘ziga,
Biri yaxshi, birovi olg‘ir.
Ayol kerak gapning ochig‘i.
O’sha ayol menga ishonsin,
Kechirolsin zaifliklarim.
G’alabaga ilhom berolsin,
Men o‘laman unday ayolsiz!»
Oradan ko‘p o‘tdi asrlar,
shu kungacha erkak xayoli
Ba’zan topar, goho yo‘qotar
O’shandayin ayolni.
Biroviga nasib etdi
go‘zalligu aql, saxovat,
Irodasin yo‘qligidan
Qushcha qo‘ldan uchdi-ketdi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:40:24
Ikkinchisin yo‘ldan urdi
besabrlik odati.
Bu sho‘rtumshuq ko‘rganini
etagiga o‘tdi osilib.
Kuchli edi uchinchi erkak,
Ko‘r-ko‘rona ishonardi kuchiga.
Mehr-shafqat bo‘ldi begona.
Bunday inson o‘xshab ketar
Bargin to‘kkan qishki daraxtga.
To‘rtinchisi kerak lahzada
sustlik qildi yetmay qadriga
muhabbatni qildi zaxa.
Faqatgina beshinchi erkak
Ishonadi orzusiga,
albatta yetar bugun, balki ertaga.
Hamroh bo‘lsin unga omad!
Juda ko‘pdan qatnashmaganman,
To‘ylar qilsin — beshinchi odam!


Aytmatov. Kimning peshonasiga Beshinchi bo‘lish yozilgan? Axir, kurrai zamin yaratilgandan buyon million-million odamlar muhabbatning orqasidan quvlaydilar. Unga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Azal-azaldan buyon haqiqiy erkaklarning asil maqsadi — ruhan, tabiatan, tashqi ko‘rinishidan o‘ziga yoqadigan qalliq topishdan iborat bo‘lgan. Faqat iste’dodli insongina chinakamiga sevishi mumkin. Hayotda esa iqtidorsiz, bir pulga qimmat, o‘rtamiyona odamlar tiqilib yotibdi. Muhabbat borasida ham shunday. Tuyg‘ularning Everest cho‘qqisiga kamdan-kam inson chiqadi.
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: Abdullоh 27 Mart 2009, 17:41:10
Odam Ato bilan Momo Havo zamonidan beri muhabbat deb atalmish sehrli qudrat mavjud. U insonlarni goh suyuntiradi, goh g‘am-g‘ussaga botiradi, gohida umid bag‘ishlaydi, gohida umidlarini puchga chiqaradi. Nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Muhabbatni har kim uzi ko‘rishi kerak. Bu tuyg‘uni har kim o‘z tajribasida sinab ko‘rishi lozim. Biz bugun bu haqda go‘yo arvohlarga qarata so‘ylab o‘tirdik. Ayollar masalasida fikr yuritdik. Hayotning tor yo‘lida uchratganlarimizni eslashdik. Sirlarimizni o‘rtoqlashdik.

Ehtimol, yana bir nimalar to‘g‘risida gaplashishga ulgurmadik yoki nimalarnidir esimizdan chiqargan bo‘lishimiz ham mumkin. Axir, istig‘for paytida o‘y-xayollar parishon bo‘lib ketadi, sira tutqich bermaydi. «Do‘stlik yo‘qolgan joyda jamiyat buziladi. Muhabbat yo‘qolgan joyda avlodlar azobini tortadi», deganlar Muhammad payg‘ambarimiz.

Qirg‘oqdagi qoyalarga tap tortmasdan urilayotgan to‘lqinlar misoli bizning yoshligimiz ham dengiz qa’riga qaytmas bo‘lib singib ketdi. Shamol esayotgan kunlarda dengiz to‘lqinlariga qarab turib, beixtiyor yurak hapriqib ketadi. Endi bizning yoshimiz xuddi o‘sha toshloq sohilda osoyishta chayqalib turgan suvga o‘xshaydi.

Bizning orqamizdan bu dunyoga yangi qanot chiqargan avlod keladi. Ular o‘z kemalarining yelkanlarini Hayot deb atalmish to‘lqinlari pishqirayotgan dengiz tomon to‘g‘rilaydilar. Inshoolloh, biz uchun o‘tib bo‘lmas darajada yuksak bo‘lib ko‘ringan qoyalar ularga g‘ov bo‘lmasin; har xil shubha-gumon uyg‘ongan sertashvish tumanli kunlarda ularning kemalari suv ostidagi qoyalarga urilmasdan omon-eson o‘tib olsin; bizning o‘shalmagan orzu-armonlarimiz ularning hayotida ro‘yobga chiqsin!
Nom: Re: Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov
Yuborildi: AbdulAziz 27 Mart 2009, 19:31:14
Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori

(http://www.ziyouz.com/images/books/chuqqida_qolgan.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=350)

Muallif: Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov
Hajmi: 2,16 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=350)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3437.0)