forum.ziyouz.com

Kutubxona => Boshqa kitoblar => Mavzu boshlandi: ЖАМШИДЖОН 03 Avgust 2009, 14:57:33

Nom: AYOL TAQDIRI
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 03 Avgust 2009, 14:57:33
Jazirama yoz faslining ayni chillasida bir qizaloq dunyoga keldi. Uning yig`isi olamni tutdi. Olloh nazari tushgan bu qizaloqqa farishtalar eng yaxshi fazilatlarini hadya etdilar. Farishtalar qizaloqning atrofida parvona bo`ldilar. Otajonisi ezgu orzu-istaklar ila uning ismini Zulfiyaxon deb atadi. Xuddi Zulfiyaxonimdek shoira qiz bo`lsin deya Ollohimga iltijolar qildi. Onasining erka qizalog`i katta bo`la boshladi. Kunlar ketidan kunlar o`ta boshladi. Qizaloq hammaga birdek mehribon, onasi, opalari, akalarining yordamchisi, eng muhimi otajonisining eng sevimli va suyukli qizi edi. Bolaligidanoq orzulari biro lam bo`lib, ota-onasi dam olishga ketgan paytlarida sog`inch hislari uning jajji qo`lchalariga qalam tutqazdi. O`zining birinchi ijodini oq qog`ozga tushirdi. Mehribon otajonisi shodligidan "œaytmadimmi qizalog`im mashxur shoira bo`ladi" deya suyundi. Qizaloq maktab yoshiga yetib, maktab tomon yo`l oldi. Maktabni, o`qishni sevardi. Ustoziga atab sher bitdi. Ammo ustoz uning sheriyatga bo`lgan muhabbatini ko`ra bilmadi va unga ishonmadi. Bir sinf o`quvchilar orasida sho`rlik qizchaning sheriyatga bo`lgan ixlosini so`ndirdi. Uning ko`zlariga butun olam qorong`u bo`lib, jajjigina pok yuragida alam tuguni qoldi. Umidlari, orzularidan ayrilib, qattiq siqildi. Ammo hayot davom etgani kabi uning ham ko`nglining bir chekkasida hali ham so`nmagan cho`g`dek bir umid miltillab turardi. O`qishlarga sustkashlik bilan boqmadi. A`lochilar safini bo`shatmaslikka tirishdi.Unga hech kim ishonmasligi mumkin emas, axir uning musaffo ko`ngli yolg`on so`zlashga also yo`l qo`ymaydi. Hayotga umid bilan boqib, hayot sinovlarini mardona yengib o`tish uchun harakat qildi. Ularning uylari nihoyatda katta bo`lib, bog`-rog`lari mavjud edi. O`qishdan tashqari jismoniy mehnat bilan shug`ullanishni kanda qilmasdi.Yozning issiq kunlarida ham, qishning uzoq kechalarida ham mehnat bilan band edi. Oltin kuzda paxta mavsumlarida paxta terimlaridan bo`yin tovlamasdi. So`lim bahorda esa ekin-tekinlarni ekish, dalada ishlash, musaffo havodan nafas olish uning uchun ermakdek edi go`yo. Kunlar oylarni, oylar esa yillarni quvlab o`ta boshladi. Endi u qizaloq emas go`zal, oqila, muloyim, hammaga birdek yoqimli, balog`atga yetgan suluv pari misoli edi. O`ta yumshoqko`ngilligi unga pand berardi. Opasi yoki singlisi kabi shaddodlik qila olmasligi uchun hattoki o`z bog`laridagi yong`oq daraxti ostida ham tengdosh dugonalariga qo`shila olmay, qiynalardi. Balki shu sabab ham ko`p azob chekkandir. U sheriyatni tark etmadi, tark eta olmasdi ham. Uning sheriyatga muhabbati shu qadar kuchli ediki sherlarini qog`ozga tushirmasa ham dilida chaqaloqni asragandek avaylardi. Uning mehri tikuvchilikka tushdi. Onasi, otajonisi bundan quvondilar. Mato topishga imkoni bo`lmagan hollaerda hattoki ona zamin bag`riga o`ylaganlarini chizar, bichar, tikar edi. Tikish uning ajralmas qismiga aylandi. Hayotini tikishsiz to`liq tasavvur qila olmasdi. Shu sabab tikuvchilik texnikumiga o`qishga kirdi. Nahotki u sheriyatni tark etgan deysiz? Aslo bunday fikrga bormang. Chunki uning murg`ak qalbi bunday ojizlikka yo`l qo`ymasdi. Shu sababdan ham o`qish joyida ona tili va adabiyot fanidan o`tkaziladigan fan olimpiadalarida ishtirok etib keldi. Ustozlari mehrini qozonib, g`oliblik cho`qqisiga chiqmoq istadi. Hayot beshafqat. Yana uning omadi chopmadi. Nohaqlik uning yo`liga to`g`anoq bo`ldi. Maqsadlari , orzulari cho`lu-biyobondagi yetib bo`lmas sarobdek uzoqlashaverdi. U yuguradi, ammo yetolmaydi. Uning tikuvchilikka qiziqishi, kechalari bilan tikuv mashinasini taqillatib chiqishga unfardi. Mehribon otajonisining suyukli qiziga rahmi kelibmi "œbas ertalab davom etarsan" desa ham ko`nmasdi sira. Uning ko`zlari ha insonni o`ziga asir qilgulik ko`zlari kishiga ajib bir hayrat bilan boqardi. Shu onda iltimosini rad eta olmay qolasan kishi. Kelishgan qad-qomat, uzun qop-qora sochlar, shaxlo ko`zlar, qalin qoshlar yigitlarni bir qaramay ketishga yo`l bermasdi. Shunday kunlarning birida bir yigit uning yo`llarini band eta boshaldi. Yigitning sevgisi osmon qadar cheksiz, ona zamindek benihoya edi. Ammo qiz ota-ona, atrofdagi kishilar gap-so`zlaridan havotirlanar edi. Baribir yurakka buyruq berib bo`larkanmi, qiz ham yigitni sevib qoldi. Sevgi bu ilohiy tuyg`u. Sevgi shu qadar nozikki uni avaylab-asramasa tezda yo`q bo`larkan. Ularning sevgisi ham kuchli edi. Yuraklari bitta edi go`yo. Ammo ota-onalar ularning sevgisini tushunishni istashmasdi. Qizning onasi uni koyir, qiynar, siquvga olardi. Mehribon otajonisi esa doimgidek qizi taraf edi. Sevgi kuchliklik qilib, ular turmush qurdilar. Endi ulardan baxtli inson yo`q edi go`yo. Xuddi qush kabi orzulari osmonida parvoz etdilar. Ammo bizning go`zal kelinchagimiz orzusidagidek o`qishini qizil diplom ila tugata olmadi. Balki uning raqibalari bundan shod bo`lgandirlar. Ammo na chora. Ularning baxtlariga baxt qo`shilib, uylariga chaqaloq ifori kirib keldi. Olam yuzini oppoqqina go`zal chaqaloq chinqirig`i tutdi.To`ng`ich farzand oliy baxt. Endi ularning quvonchlari cheksiz, olam yorug` ko`rindi ko`zlariga. Onalik baxtiga yetganidan shodlandi.Dilbandiga Maftunaxon deb ism qo`ydilar. Endi ular ikkovlon emas uchchoovlon edilar.Turmush aravasini tortish erkak bo`ynida ammo bizning qahramonimiz ham turmush o`rtog`idan kam mehnat qilmadi. Turmush o`rtog`i to`ylarida kelinchakka tikuvchilikni sevgani uchun oyoq mashinasini sovg`a qilgan edi.Shuning uchun kelinchak uyda tikish bilan shug`ullanardi.U yana farzand kuta boshladi.Baxt osmondagi parvozlari olislab borardi. Oilada yana bir qizaloq tug`ildi. Farzandlari o`zlariga aziz bo`lishi uchunmi qizaloqqa Aziza deb ism qo`ydilar. Qizaloqlar katta bo`la boshladilar. Shunday shod kunlarning birida oila boshiga qora bulutlar soya soldi.Yani Aziza qattiq kasal bo`lib qoldi. Qaynona baribir ona bo`lmas ekan.Sho`rlik kelinining ohu-nolalariga ham quloq solmay qizaloqni shifoxonaga olib borishlariga yo`l qo`ymadi. Qizaloqning axvoli kundan-kunga og`irlashib boraverdi. Axiyri ona qizini oilib shifoxonaga ketdi. Ammo endi vaqt o`tgan "g`isht qolipdan ko`chgan" edi.Dori-darmonlarga pul yo`qligi uchun shifokorlar ham norasida go`dakka yordam berishni istashmasdi. Shunda Zulfiya opa otajonisi to`ylariga atab bergan chog`dek lovullab turadigan Xiva gilamlarini sotib dori-darmonga pul topdi. Qizaloq Ollohning yordami va ajib bir mo`jiza sabab yorug` dunyoga qaytdi. Qizaloqni oilb ketish uchun bag`ritosh qaynota va qaynona hattoki o`limlik matolarigacha keltirgan edilar. Hayot bir tekis davom etar, endi bu oilaga Ollohim o`g`il farzand ato etishini yurakdan istashardi. U yana homilador, orzusi esa faqat va faqat o`g`il.Kutganing bo`lmas ekan yana bir qizaloq tug`ildi. U ich-ichidan siqildi. Xafaligini sezdirmaslikka urinib, hammasini ichiga yutdi. Turmush o`rtog`i ham yana qiz tug`ilganidan ranjidi. Balki shu sabab bo`lib, ularning hayotlari ham qiyinlasha bordi.Oila kattalashib, farzandlar uchun sharoit kerak edi. Chaqaloqqa Mashxura deb ism qo`ydilar. Dunyoga mashxur tikuvchi bo`lsin degan niyatlarni qildilar.Mashxura tug`ilgan yillari ular uchun qiyin vaziyat tug`ildi.Hayot sinovlari juda ham og`ir ammo ular bu sinovlarga bardosh bera oldilar. "Sabr tagi sariq oltin" deganlaridek ularning chin muhabbati, farzandlar oldidagi unutilmas burch yana hayot uchun kurash sari odim qadam tashlashlariga imkoniyat eshiklarini ochib berdi. Hayot hali oldinda, yaxshi kunlar oldinda deb yashadilar. Ollohim ularning bardoshlariga qoyil bo`lib, yo`llarini ochib berdi. Ular savdo bilan shug`ullanishar, kundan-kunga omadlari chopar edi. Qiynalgan paytlarida bir-biriga suyanchiq bo`lib, ko`ngillarini cho`ktirmay yashadilar. Sovuq qish kechalarida qor kurab, non yopdilar. Shu qiyinchiliklar evaziga baxt o`z oyoqlari bilan ularning ostonasiga kirib keldi. Ikkovlon birgalikda salqin kechalari dam olgani turli joylarga borishar, bundan ayolning ko`ngli behad shod edi. Shunday kunlarning birida u yana farzand kuta boshladi. Endigisi albatta o`g`il bo`ladi. O`sh paytlari ular juda yaxshi yashashar, qizlarining ham hamma ehtiyojlari uchun sharoit yetarli.Oltin kuz faslida yana bir qizaloq dunyoga keldi. To`g`ri ular o`g`il kutgandilar ammo yana qiz tug`ildi. Ayol qattiq xafa bo`ldi. Xafaligi oshkora edi.Lekin turmush o`rtog`i xafa emas, aksincha xursand ayoliga sabr so`rardi. Uning ko`nglini ko`tarar edi. Ona baribir ona-da. Go`dagining mayus ko`zlariga, jajjigina qo`lchalariga qarab iyib ketdi.Bu qizaloqqa Xosiyat deb ism berdilar.Xosiyat ham katta bo`la boshladi.U shaddod, dadasining eng erka qizalog`i edi. Shu yillar, farzandlar, qiyinchiliklar ham bizning qahramonimizga o`z ta`sirini ko`rsatdi. Shu davr orasida u suyukli otajonisidan va mehribon akasidan ayrildi.Otasiz yashash naqadar og`irligi u uchun endi ma`lum edi.Doimo qizaloqligidanoq otasi uning himoyachisi edi axir. Otasi uning uchun eng katta qoya,suyanchiq, tayanch tog`i, madadkori edi. Endi uning otajonisi yo`q. Bu olamni tark etgan. Hayot tashvishlari uni yana yashashda davom etishga undardi.Ammo bir lahza ham otajonisini yodidan chiqarmadi. Yana bir fojia akajonisi avtohalokat tufayli vafot etdi. Akasini nihoyatda yaxshi ko`rganligi uchun bundan qattiq azoblandi.Inson yuragi hamma narsaga bardosh berarkan. Shuning uchun hayot yo`lida, yashash uchun kurashda ilg`orlik bilan odimlashga harakat qilqildi. Ular yana farzand kuta boshladilar.Endi eng muhimi Olloh bergan farzand sog`-omon tug`ilsa bas. Beshinchi qizaloq dunyoga keldi. Ularning ustidan kulganlar juda ko`p bo`ldi. Aqlsiz va befarosat kishilar ham bor ekan dunyoda. Essiz dunyo, ey siz odamlar. Ba`zi bir kishilarning hatto qizi yo`q, tirnoqqa zor.Axir dunyoni ayol tebratadiku? Ayollar bo`lmaganida o`g`il ham, qiz ham bo`lmasdi-ku? Kenjatoyga Dilorom deb ism qo`yishdi. Jajji Dilorom hammaning ovunchog`i. Insonlarga shuncha yaxshilik qilib, yomonlik olgan ayol qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Noni yo`qqa non berib, puli yo`qqa pul berib, kiyimi yo`qlarga ko`ylaklar tikkan sho`rlikkina o`zbek ayoli. Sizning kimdan kam joyingiz bor edi axir. Bir vaqtlar qilgan orzuyingizga yetolmadingiz. Taqdir sizni buncha sinamasa, buncha qiynamasa. Qaysi xatolaringiz evaziga bu ko`rguliklar sizning boshingizga tushdi. Xa o`zbek ayollarining ham, qishloq ayollarining ham orzulari bo`lgan. Endi ular bu orzularni armon deb ataydilar. Jamiyatimizga nafi tegadigan yurist bo`lish Zulfiya opaning orzusi bo`lgan ekan. Ammo orzulariga yeta olmadi. Orzusini qizlari amalga oshirishiga ishonadi. Uning Olloh in`om etgan beshta qizi bor. Besh qiz emas, besh yulduzi bor.Baxti ham shu qizlari, taxti ham. Bor-yo`q davlati-yu, boyligi ham shular. Endi qizlarining baxtini ko`rishni orzu qilib yashaydi. O`zbek ayol va qizlarini oldinda porloq kelajak kutmoqda. Biz albatta baxtli bo`lamiz. Biz kelajak avlod uchun qiynalgan, ayollar ko`rmagan baxtga erishish, yaxshi o`qib, ona diyorimiz uchun o`z hissasini qo`shadigan mukammal ayol, aziz farzand, sevimli yor, suyukli ona bo`lish uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanamiz. Mening maqsadim bu hokisor ayolning mashaqqatli hayot yo`lini yoritishdangina iborat emas.Albatta, uning ham baxtli onlari ko`p bo`lgan. Xuddi shuningdek o`zbek ayollarining taqdirlarini hamma bilishlarini istardim. Dunyodagi barcha ayollar o`zbek ayollariga naqadar qiyinligini ko`rishlarini istardim. O`zbek qizlarining dunyoda baxtga erishib, onajonlarini o`z yutuqlari ila quvontirishlari biz uchun cheksiz baxtdir.