forum.ziyouz.com

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => Zamonaviy o'zbek she'riyati => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 15 Iyul 2006, 01:55:56

Nom: Abdulla Oripov. Saylanma
Yuborildi: AbdulAziz 15 Iyul 2006, 01:55:56
Saylanma. Abdulla Oripov

(http://www.ziyouz.com/images/books/abdulla_oripov.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=19)

Muallif: Abdulla Oripov
Hajmi: 226 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=19)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=389.0)
Nom: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:45:37
(http://ziyouz.com/rasmlar/literature/abdulla_oripov.jpg)

Buyuk o'zbek shoiri.O'zbekiston Qahramoni va O'zbekiston xalq shoiri. Shoir o'z hayot yo'lini shunday tasvirlaydi: Mening tug'ililib o'sgan, bolaligim o'tgan joylar Qarshi (qadimgi Nasaf) shahridan besh-o'n chaqirim shimolroq tomondagi Qo'ng'irtov etaklaridir: Bobolarimizning aytishicha, qaysi bir zamonlarda Navoiy bobomiz Samarqanddan Buxoroga ana shu Qo'ng'irtovni oshib o'tgan emishlar. Albatta, bu gaplar xalqning xotirasida o'qtin-o'qtin chaqnab turadigan xayol uchqunlari bo'lishi mumkin.

O'sha Qo'ng'irtovda bizning bolalik yillarimiz o'tgan. Bahor kelganda havoni o't-o'lanning yoqimli xushbo'y hidi qoplar, sharros yomg'ir quyganda biz tog' cho'qqisi unguridagi kichik-kichik g'orlarga bekinib olardik. O'sha yuksaklikdan shimol tarafdagi yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, to'yib-to'yib nafas olar edim. Ayniqsa, bu joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda go'zal bo'lar edi. Tim qora osmonda qo'l cho'zsang yetgudek ulkan-ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turadi. Hayotimda bunday go'zal manzaralarni keyin uchrata olmadim.

Biz oilada to'rt o'g'il, to'rt qiz o'sganmiz. Akalarim Buxoro, Toshkent oliy o'quv yurtlarida til-adabiyot fakultetlarida o'qishardi. Tabiiyki, ular ko'tarib yurgan kitoblarning aksariyati badiiy adabiyot namunalari edi. Mening allaqachon savodim chiqqan, kitoblarni sharillatib o'qiy olardim. Men bugungi kunda g'oyatda ajablanib shularni eslayman. Negadir bolaligimda hotiram nihoyatda kuchli edi. Bir o'qiganim esimda qolaverar edi. Radio, televidenie yoxud boshqa tomoshalar bolmaganidan keyin ermagim kitob edi-da. Duch kelgan narsalarni o'qib, duch kelgan narsani yodlab olardim. Bu kitoblar orasida halq dostonlari ham, Navoiy bobomizu Pushkindan tarjimalar ham, G'afur G'ulom, Hamid Olimjon she'riyati va yana boshqa ko'p ro'monu qissalar bo'lardi. Darvoqe, qish kunlarida to'ylarga qo'shni tumanlardan nomdor baxshilar kelib, tong otguncha doston aytishardi. Biz bolalar baxshini tinglay-tinglay bir-birimizga biqinishib uxlab ham qolar edik. Yanglishmasam, o'shanda Umur shoir degan baxshining dostonlarini ko'p eshitganman.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:45:56
Endi birinchi she'rlar yoza boshlaganimga nima turtki bo'lganini aniq bilmayman. Har holda so'zlarni qofiyalashga ishqiboz bo'lib qolganim esimda. Balki zerikkanimdan, balki zavqim toshib, nimanidir yozgim kelaverardi. Fikr esa yo'q. Yozmaslikning ham iloji yo'q. Shuning uchun ona, ota, maktab, brigadir Nodir kabi gaplarni o'zimcha she'rga solib aylantirib yurardim.

Maktabni oltin medal bilan bitirdim va 1958 yil Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo'limiga kelib qoldim.

Universitetda adabiy jarayon g'oyatda qizg'in edi. Adabiyotimizda iz qoldirgan va qoldirayotgan ko'pdan-ko'p ijodkorlar o'sha yillari dorilfununning turli kurslarida tahsil olishardi: Fakultetimizda adabiyot to'garagi muttasil faoliyat ko'rsatardi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo'shjonov kabi ustozlarimiz biz bilan soatlab mashg'ulot olib borardilar.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:46:25
She'rlarim matbuotda tez-tez bosila boshladi. Ozod akaning 'Oq yoli' bilan 'Sharq yulduzi'da she'rlarim chiqdi. Yozuvchilar uyushmasidagi mushoiralardan birida 'Munojatni tinglab', 'Burgut' degan she'rlarimni o'qidim, o'sha kuni Abdulla Qahhor nazariga tushdim. Mirtemir domla atrofida ko'p shogirdlari qatori saboq oldim. Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib, u kishi she'r o'qigan minbardan men ham she'r o'qidim. Esimda, Eski shahardagi hozirgi 'Turon' kutubxonasida o'qigan she'rlarimni tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimizda Shayxzoda domla bilagimdan tutib, 'Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot bo'lgaysiz, ishqilib qarsaklardan taltayib ketmasangiz bo'lgani', degan. Bu gaplar ham mening qulog'imga qo'rg'oshinday quyilib qoldi.

Bu orada kitoblarim ketma-ket nashr qilindi. Ustoz G'afur G'ulom qatnashgan davralarda she'rlarini o'z og'izlaridan necha-necha bora eshitdim. Bir safar G'afur aka yelkamga qoqib, 'Kecha televizorda she'r o'qigan bola senmisan. Yozaver, o'g'lim' deganlarini hech qachon unutmayman. Va nihoyat, bir kuni meni Oybek domla yo'qlayotganini aytib qolishdi. Bu ulug' zot bemorroq bo'lganlari sababdanmi yoki salobatlari g'oyat buyukligidanmi, xonadonlariga har qanday qalamkash yurak yutib borolmas, bahaybat cho'qqiga boqqanday domlani uzoqroqdan tomosha qilib yurardik. Oybek domla bilan uchrashuvlarimni hamda kechirgan hayajonimlarimni qog'ozga tushirsam bir risola bo'lar. Domlaga 'Armaniston' degan sherimni o'qib berganimda 'ingichka, ingichka', deb qoyganlarini eslayman. Bu hitob sheringizda nozik qochirimlar bor degani bo'lsa kerak, deb o'ylayman. Oybek domla keyingi safar chorlanganlarida qo'limga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a'zolikka tavsiya qog'ozini tutqazdilar. Ikkinchi tavsiya Mirtemir domladan keldi. Shu yosinda uyishmaga Komil Yashin rayisliklarida a'zo bo'lib kirdim.

So'ng turli matbuot idoralarida xizmat qildim, katta-kichik mukofotlarga, xalq shoiri unvoniga sazovor bo'ldim. Mustaqillik yillarimizning buyuk in'omi O'zbekiston Qahramoni unvoniga ham loyiq topishdi. Mustaqil O'zbekistonning birinchi Davlat madhiyasi matnini yozishga musharraf bo'ldim. Asosiy ish faoliyatim ijod va ijodiy sohaga tegishli xizmatlar bilan o'tayotir.' ("Ko'rgan bilganlarim". 2000-yil 23-yanvar.)
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:46:53
O’ZBEK PAXTASI

Dunyoda qutlovlar bor
Biri biridan go‘zal,
Dunyoda tabriklar bor
Biri biridan ezgu.
Va lekin bu olamda
Topilmas hech bir mahal
Ona-yurt qutlovidan
Balandroq biror tuyg‘u.

Shu mo‘’jaz hayotimni
El-yurtga bog‘labman to,
Bir ketmonchi o‘g‘liday
Unga eshman, tirikman.
Kahrabo tizimchaning
Donasi kabi go‘yo
Mustahkam shu qatorning
Taqdiriga sherikman.

Tong bilan jahon bo‘ylab
Bir xabar qoqdi qanot,
O’zbek yana o‘z so‘zin
Ustuvor do‘ndiripti.
Betimsol taloto‘pda
Muzaffaru bosabot,
O’zbek yana do‘ppisin
Qiyalab qo‘ndiripti.

Million yillik so‘z erur
Paxta bizning lug‘atda,
Jo‘yaklarda boshlangan
Onalar to‘lg‘oq dardi.
Mabodo o‘simlikka
Zabon bitsa, albatta,
Paxta navi eng avval
O’zbekcha gapirardi.

Odati nurin sochar
Olamga har kun quyosh,
Bag‘rida ne sirlar bor,
Sig‘maydi tasavvurga!
Shu bir chanoq paxta ham
Zohirdan ma’sum, yuvosh
Va lekin zahmatlari
Sig‘mas ongga, shuurga.

Dunyoda insonlar bor,
Mayda bir armon sabab,
Bir-birin yoqavayron,
Tuproqqa qorishadi...
Olamning egnin butlash .
O’zbekka shudir matlab,
Shu armon, deb cho‘ng xalqim
Bir umr olishadi.

Bizning uygan xirmonga
Chambar qilsang chechakdan,
Yulduzlar shabnam misol
Bo‘ladi unga inju.
Bolasi uyda qolgan
Mushtipar kelinchakdan
Xizrsifat cholgacha .
Barchaning mehnati bu!

Xalqim, sensan ellarga
To‘kin dasturxon tuzgan,
Ne’mating o‘zingga ham
Barqaror bo‘lsin, deyman.
Uygan bu xirmoning ham
Quyoshga qo‘lin cho‘zgan
Muhtasham haykalingga
Poydevor bo‘lsin, deyman!
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:47:17
UY

Ijroqo‘m uy bermish,
Ko‘zlaringda yosh...
Shunchalar ko‘pmida dilingda darding.
Yetar, ta’zim bilan egaverma bosh,
Yetar, yuragimni ezib yubording.

Seniki atalar shu yer, shu zamin,
Yo uni nazarga ilmaganmiding?
Senga ham taqdirning xatlab berganin
Shuncha yil o‘tibdi, bilmaganmiding.

Ijroqo‘m uy bermish,
Bag‘oyat savob,
Lekin ko‘rmay seni mute shaklida.
Haqiqatning tagin izlasang shu tob
Mutlaq senikidir uylar aslida.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:47:33
* * *

Baxtiyor har dilga oshno topilgay,
G‘ussali yurakka lekin yo‘q hamdam.
Do‘stlar eshigi ham taq-taq yopilgay
G‘ussali qalb u yon gar qo‘ysa qadam.
Horg‘in bir yo‘lchingman, darvozangni och,
Boshlab keldi dema kulfat, qayg‘uni.
Nogoh ko‘zlarimda ko‘rsang qatra yosh
Sog‘inch yoshlari deb qabul et uni.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:47:51
BOLALAR SHOIRLARIGA HAZIL

Soat bo‘ldi to‘rt yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
Buni eshitdi G‘ulom,
Salim bilan Dilorom,
Shoira-yu, Gulnoza,
Xadicha bilan Roza.
Alisher-u Baxtiyor,
Xurshid, Vitya, Ixtiyor,
Azim, Moyli, Dadashvoy,
Shukur, Ahmad, Adashvoy,
Mavluda-yu, Ilhomjon,
G‘ayrat, Sa’di, In’omjon,
Toshpo‘lat, Yulduz, Zohir,
Zarifa, Mahkam, Omon,
Miraziz, Safar, Rahmon,
Shavkat, Yo‘ldosh, Uzoqboy,
Bolta, Tesha, Tuzoqboy,
Eshmirza, Eldor, Jur’at,
Muqimiy bilan Furqat...
Endi soat besh yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:48:07
YOZG‘UVCHILIKKA ARIZA
(Bir g‘alamis tilidan)

Meni nazariga ilmaydi birov,
Sizga shu gaplarni aytayin tikka.
Kecha bir davrada o‘ynadim garov,
Meni qabul qiling, yozg‘uvchilikka.

Har xil soyuzlar bor.
Masalan, kino,
Demangiz men o‘zni unga uraman.
Sabil texnikasi qiyinmish, ammo
Tomosha qilishni yaxshi ko‘raman.

Rassom bo‘lishlikka toqatim hech yo‘q,
Chunki zaril bunda g‘alat iste’dod.
Masalan, xo‘tikka o‘xshasin xo‘tik,
Sharmanda qiladi bundaqa ijod.

Bastakorlarda ham bor emish soyuz,
Bu ham to‘g‘ri kelmas, rostini aytsam.
Vijdonim yo‘l bermas, chidamaydi yuz,.
Qo‘shiq aytmaganman umrimda hech ham.

Shoirlik-chi, tegsin xudo urganga,
Sotib olayinmi tekin kulguni.
Dab-durust jumlalar qator turganda,
Teskari aytmoqlik shartmikan uni.

Yozg‘uvchilik esa, oh, bu g‘aroyib,
Mening talantimga shu soha nuqta.
Pastu balandlarga turfa, ajoyib
Maktublar bitganman g‘oyaviy puxta.

Xullas, o‘rtoq rais, aylangiz imdod,
Men sizga haq gapni aytaman tikka.
Ko‘pirib yotibdi menda iste’dod,
Meni qabul qiling yozg‘uvchilikka.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:48:40
ZO’R ARMON
(Bir noshudning deganlari)

Hamma har narsaga erur ishqiboz,
Kimdir marka yig‘ar, kimdir it boqar.
Kimlarga qish yaxshi, kimlargadir yoz,
Menga esa faqat qarsaklar yoqar.

Osonmi, dunyoda yashadim qancha!
Qochib, pusib yurdim zamonlar o‘tib.
Mana, savlatim bor, yoshim ham ancha,
Va lekin o‘rtandim qarsakni kutib.

Ajabo, xalq buncha bo‘lmasa o‘jar,
Bunchalar xasis u oddiy qarsakka.
Nechun boshqalarni shon-shuhrat quchar,
Bu holdan fig‘onim chiqar falakka.

Ey, siz, studentlar, insof bormi hech,
Bunchalar shakkoksiz, bunchalar nodon?!
Siz qarsak chalyapsiz kimga erta-kech,
Men-chi, qolaverdim bir chetda nolon.

Garchand, ba’zi joyda topdim e’tibor,
Ko‘ksimda nelardir taratur ziyo.
Dashnom eshitdim-u umrimda ko‘p bor,
Qarsak tinglamadim nechundir aslo.

Dunyoning ishlari chindan notugal,
Siz uning xatosin bir bor tuzating,
Do‘stlar, o‘lgan chog‘im, rahm eting bir gal,
Meni qarsak chalib go‘rga uzating.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:48:56
* * *

Muallaq gaplarni so‘ylama menga,
Endi men yer uzra topganman qo‘nim.
Inson deb falakka hayqirmoq nega,
Inson yoningda-ku, u mening qo‘shnim.

Iqbol deb behuda chekasan yohu,
Ohing bu - folbinning daraklaridir.
Asrim, asrim deysan, asring nima u!
U to‘zg‘oq kalendar varaqlaridir.

Bog‘ingda bir nihol gullabdi bu kech,
Erta qiyg‘os bo‘lar olma noparmon.
Ilk bahor zahrini o‘yladingmi hech,
Zaminda ne armon, senda ne armon.

Bir vaqtlar ilhomning o‘tli tig‘ida,
Falakni ko‘zlardi mening ham sozim.
Lekin ikki daryo oralig‘ida,
Qolib ketdi mening o‘sha ovozim.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:49:09
* * *

Dunyoda diyonat hali mavjuddir,
Hali mard yigitlar yashab yuribdi.
Onalar oq suti hamon oq sutdir,
Quyosh ham falakda porlab turibdi.
Hali qay dillarda yashar tangri ham,
Hali afsonalar o‘lib ketmagan.
Hali sof tuyg‘ular topmagan barham,
Inson orzusiga hali yetmagan.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:49:21
SHOIR UMRI

Daraxtni hamisha o‘raydi shamol,
Shoirni tashvishlar chulg‘ar hamisha.
Sen shoir umrini dema bezavol
Uning ham har oni tashvishga pesha.

Qara-ya, o‘tibdi qirq yil muttasil,
Yashabman yulduzlar ostida karaxt.
Oh, shoir umriga havas qilmagil,
U quyun ichida ungan bir daraxt.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:49:30
* * *

Yerdan o‘zga joyda hayot yo‘q emish,
Yo‘q emish samoda biror-bir jonzot.
Olimlar shundayin qarorga kelmish,
Sira ajablanmang bu holdan, ustod.

Ular xo‘p tinchibdi, tolei kulib,
Asli yo‘q narsani axtarmoq bekor.
Men esa to hanuz umidga to‘lib
Izlayman zaminda do‘sti vafodor.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:49:41
QAYRAG‘OCH

Assalom, azizim, qayrag‘och og‘a,
Balki men jiyanman, sen menga tog‘a.

Farqimiz bittadir: sening tiling yo‘q,
Yurarga oyog‘ing, ketar yo‘ling yo‘q.

Lekin baxtlidursan, soya solursan,
Bahra olganlardan duo olursan.

Tog‘ajon, mening-chi, ahvolim mushkul,
Mendan panoh topgan qarg‘aydi nuqul.

Bitta iltimos bor: o‘rin almashsak,
Men ham daraxt kabi yashasam andak.

Sen-chi, bu dunyoga Inson bo‘lib boq,
Mayli, bir kun meni o‘tin qilib yoq.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:50:07
XAYRLASHUV

Xayr, ey, bearmon kezgan qirlarim,
Xayr, ey, yiroqqa qochgan so‘qmoqlar.
Xayr, ey, maskanim - tuqqan yerlarim,
Xayr, ey, sahrolar, xayr, ey, tog‘lar.
Endi sizni qayta qucha bilmasman.
Inja diydoringiz endi o‘zgadir.
Shamollar, siz bilan ucha bilmasman,
Chechaklar, endi siz menga beqadr.
Oshno kengliklarga tashlab jim nazar,
Tirqirab keladi ko‘zlarimga yosh.
Shamollar holimdan olganday xabar,
Bir lahza teppamda tinganday quyosh,
Ulardan nogahon tinglayman xitob:
Shoirim, sen qayga qaytmoq bo‘libsan?
Kim seni badarg‘a qilmish, ber javob,
Sen nechun alvido aytmoq bo‘libsan?
Oltin bolaliging o‘tgan tuproqda
Nahot topilmasa senga bir madad?
Nahot onang ruhi qolmish yiroqda,
Nahot bobolaring qo‘llamas minba’d?
Go‘zal bu dunyoga kelib ketmoqlik
Nahotki shuncha jo‘n, shunchalar oson?!
Yulduzlar shivirlar, dillari dog‘lik:
Yo o‘zga sir bormi? Aytgil, qadrdon!
Yo‘q, deyman va lekin sim-sim yig‘layman,
Qirq ko‘zgu keladi qarshimga bot-bot,
Dilbar kunlarimni bir-bir ilg‘ayman,
Misli oinaga boqqanday Farhod.
Endi qaytib kelmas u damlar sira,
Shul sabab dilda g‘am, ko‘zlarimda yosh,
Qoldi qaylardadir yoshlik - bokira
Quduq tublariga cho‘kkanday quyosh.
Men ko‘rar endigi bu go‘zal olam,
Sirli u damlarning mavhum soyasi.
Shul sabab qalbimni o‘rtaydi alam,
Shul sabab g‘amimning yo‘q nihoyasi.
Hayajon bu - o‘lim, kulfatdir - qo‘shiq,
Qilt etgan shamoldan titramas yurak.
Unga endi na dard, na quvonch, na ishq,
Balkim to‘ng‘ib qolgan bir orom kerak.
Bir hovuch kul emish otash qismati,
Men ham yona-yona tindim nogahon.
Endi tillarimda vido hasrati,
Endi ko‘zlarimga tiyradir jahon.
Olam tin oladi, tinurman men ham,
Endi u sirlarin so‘ylamas ortiq.
Faqat derazamda bir qushcha beg‘am
Menga qo‘shiqlarin etadi tortiq.
Hayot deb atalgan xush tilak bilan
Kechalar behudud o‘yga tolurman.
Tosh qotgan, nogiron shu yurak bilan
Mo‘ysafid quyoshni qarshi olurman.
1981, Moskva
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:50:28
MENI OLIB KETING

Tinch edi hamma yoq, tinch edi har yon,
Titradi go‘yoki yer bilan osmon.
Boshimga xastalik tushdi nogahon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Issiq jon, deydilar, jon bo‘lsa bo‘lar,
Payt kelsa chechak ham sarg‘ayar, so‘lar.
Kim bilgay paymonang qay yerda to‘lar,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Ginam bor bu yurtning na havosidan,
Mehribon doktorning na davosidan.
Qaytarmang xastani muddaosidan,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Sha’nimga g‘ayurlar bir so‘z demasin,
Har kim o‘zi tortar umr kemasin.
Hech kimni mushtoqlik dardi yemasin,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Talpingan diyorim, u - O’zbekiston!
Sehrini aytishga bormi hech imkon!
Yo‘q, o‘zga yurtlarda berolmasman jon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
1981, Moskva
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:51:16
RANGLAR

Irinaga

Qachondir Shimolning oppoq qoridan,
Seni yaratgandi zukko tabiat.
Ko‘zingga rang berdi osmon qa’ridan,
Shul sabab moviydir bu ko‘zlar behad.

Sunbul sochlaringni yaratgan chog‘da
Za’faron shafaqqa bo‘yab oldi u.
Boqib lablaringga, o‘zi ham dog‘da,
Qontalash bir rangni bera qoldi u.

Rosa pardoz qildi tabiat to‘lib,
To oydin ranglari tortguncha xira.
Barcha rang ustidan qo‘riqchi qilib
Qora Otelloni yaratdi so‘ngra.
1981, Moskva
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:51:24
* * *

Rejami? Oldindan gapirish qiyin,
Hayot ham, ijod ham nozikdir qildek.
Ta’na toshlarini otmay turasiz,
Hakim bilan bir oz hamkorlik qildik.
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:51:37
TALPINAMIZ MANZILLAR SARI

Olis dengizdanmi yo yiroq tog‘dan,
Bulutlar keldilar bilmam qay yoqdan,
U bahor, yoz bo‘yi so‘l ila sog‘dan,
Paxtakor xalqimga daf qila qoldi.

Ha, yashar tabiat gulduros solib,
Daryoga suv sochar tashna yer qolib,
Garchi paxtakor el hamisha g‘olib,
Lekin ushbu safar tinchi yo‘qoldi.

Oyning u yarmida yomg‘ir, qor yog‘ar,.
Qimtinib Toyloqov beradi xabar,
Muxbir-chi, uqdirar:. bizniki zafar,
Dovda Bobodehqon haqqini oldi!..

Paxta deb, ha, qachon tortmadik tashvish,
O’sha-o‘sha yoz bu, o‘sha-o‘sha qish,
Bobolardan meros - bitmagan bu ish,
O’zbekning qay mahal bilagi toldi.

Yana zahmat chekar elda yosh-qari,
Yana talpinamiz manzillar sari,
Donolar dunyoni demish ko‘pkari,
Boqing, O’zbekiston dadil ot soldi!
1981
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:51:50
BIZNING SHE’R

Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq...
Paxtakorlar va ishchilar pisand qildilar.
Ziyolilar, yumushchilar pisand qildilar,
Studentlar, to‘quvchilar pisand qildilar,
Maktabdagi o‘quvchilar pisand qildilar,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Lekin bizni ancha zotlar pisand qilmadi,
Yayov edik, saman otlar pisand qilmadi,
Shoh surgandik, biroq motlar pisand qilmadi.
Taajjubmas, she’rga yotlar pisand qilmadi,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Shoirni hech taniganmi hissiz dimog‘dor,
Muqimiyning avlodimiz kamtar va nochor.
Lekin shoir so‘zi bilan hamisha poydor,
Aminxo‘ja bu borada guvohdir zinhor,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Shoir zoti yuragiga bo‘libdir mahkum,
Ijro bo‘lmas, u bo‘lsa-chi, o‘qiydi hukm.
Asrlardan qolib kelgan oqibat shulkim,
Quloq solmas unga ba’zan oshno ijroqo‘m,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Men kichkina uvoqdirman, dunyo tomidan
So‘zlagayman o‘tgan-ketgan shoir nomidan.
Har kim ichgay sho‘r qismatning achchiq jomidan
Lekin degum bu davronning xush ayyomidan,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:52:03
HAYRONLIK

Chindan g‘alat erur dunyo ishlari,
Miyang g‘ovlab ketar o‘ylagan sari,
Diyonat, xiyonat aralash bari,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Ko‘rdik inson fe’lin o‘ru qirini,
Baham ko‘risharlar avval sirini.
So‘ngra nimta qilar biri birini,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Goho sendan aziz ostingda oting,
Goh bir g‘alamisga bog‘liq hayoting,
Yaxshiyam qatorda bordir bayoting,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Sen deysan, dilim pok, rashkdan yiroqman,
Sen unding, men esa hanuz tuproqman.
Yo‘q, do‘stim, men sendan bechoraroqman,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Ne qilay, yomonga o‘qiymi la’nat,
Yo shodon qo‘shiqlar aytaymi faqat.
Birovda mehr mo‘l, birovda nafrat,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Har qalay baxtlimiz - tirikmiz magar,
Qolgan gaplar esa o‘tarda ketar.
Bamisli karnayga ishqi tushgan kar,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:52:12
* * *

Senga bu dunyoning guli, ne’mati,
Senga, ey qay bir dam yaralgan san’at.
Senga oshufta bu dilning rag‘bati,
Senga ohista bu arzi muhabbat.

Yillar o‘tib ketmish, qayoqda eding,
Qaysi gulshanlarda yasharding, armon.
Xazonli bu boqqa nechun ham kirding,
Nechun xasta dilga solding g‘alayon.

Sobit esam-da, gar topolmasman ep,
Qarshimda osmonni past qila qolding.
Sen o‘tgan dunyoga qaydan yo‘l topib,
Kechmish bir insonga qasd qila qolding.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:52:22
O’ZBEGIM TOJIK BILAN

Do‘stu qardoshdir azaldan
O’zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O’zbegim tojik bilan.

Qay yo‘sin aylay qiyos men
Bul shirin do‘stlik so‘zin,
Totlidir boldan, asaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Baxtga yor doim Navoiy toki
Jomiy bor ekan,
Biz ular qo‘ygan tamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Fahm etib boqsang agarda,
Biz qo‘sha sayyoramiz,
Bu Ali so‘zlar Zuhaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bir egatning boshi senu
Bir egatning boshi men
Yer ekib tinmas hamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bul qadrdon ikki do‘stga
Xohishimdir, to abad
Topsa bir ma’no masaldan,
O’zbegim tojik bilan.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:52:41
SAVOB

Avji saratonda hansirab, yonib,
Qovrilib olovli yo‘llar taftida,
Muzdayin buloqdan suv ichgach qonib,
Hordiq olganmisan chinor tagida?

Ruhingda safoyu taningda mador,
Umidbaxsh qo‘shiqlar kuylaganmisan?
O’sha payt, o‘sha on hech qursa bir bor
Chinorni kim ekkan - o‘ylaganmisan?

Ro‘baro‘ kelding sen toshqin daryoga,
Qolding sohil uzra chorasiz, giryon,
Lekin yo‘liqqanday ajib ro‘yoga,
Qarshingda bir ko‘prik bo‘ldi namoyon.

Bamisli uzala tushgan xor vujud,
Ko‘targay u turfa insonlar korin.
O’tding sen daryodan salomat va but,
Lekin o‘yladingmi ko‘prik me’morin?

O’rmonlar bag‘rida sayr etgan sayyoh,
Changalzor qo‘ynida sargardon ovchi,
Mo‘jaz boshpanani ko‘rdingmi nogoh,
Uni qoldirmishdir qay bir yo‘lovchi.

Qoldirmish u senga qaro kun uchun,
Bir chimdim tuz bilan bir juft chaqmoq tosh.
O’ylab ko‘rganmisan, bu himmat nechun,
O’ylab ko‘rganmisan, kimdir u g‘amdosh?

Ha, inson umrining kechmishi ajab,
Goh to‘ng‘ar, goho u yashnar qulf urib...
O, balki qaysi bir fidoyi sabab,
Yuribsan sen hayot nash’asin surib.

Ayt, axir o‘zing ham to borsan sobit,
Kimsaga nasiba uzatganmisan?
Ko‘changdan lapanglab o‘tganda tobut,
Sen uni to‘rt qadam kuzatganmisan?

Chorasiz bir inson uchragan damda,
Unsiz so‘rog‘iga qildingmi javob?
Ayt-chi, bilarmisan, yorug‘ olamda
Bularning barchasi atalgay savob.

Yo‘q, yo‘q, o‘zga erur bid’at va karam,
Himmatu saxovat tiriklarga xos.
Bobolar beta’ma qurgan dunyo ham
Asli savob uchun qolgan bir meros.

Kimdir tuzar uni, kimdir buzadi,
Kimdir borini ham qiladi barbod.
Kimdir ta’ma bilan dunyo kezadi,
Kimdir o‘ksuk dilni etadi obod.

Savob deb ingraydi dunyomiz behol,
Zordir u najotbaxsh hislar sehriga.
Janglarda toliqqan majruh zot misol,
Suyanib yashar u inson mehriga.

To hayot ekanmiz savobga zormiz,
Yilt etgan shu’ladan dillar fayziyob.
Goh g‘amgin, goh esa umidga yormiz,
Yo‘qolmasa deymiz dunyodan savob.

Axir uning bilan gullagay ochun,
Axir uning bilan umrlar shoyon.
Faqat savob borki, jahon bus-butun,
Faqat savob borki, azizdir Inson!
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:52:54
ARSLON CHORLAGANDI...

Erkin Vohidovga

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh.

Jami tiriklikka tanish shu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do‘stim, alam qilar, arslon bexabar,
Yem bo‘lib ketsak shu qumursqalarga.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:53:04
* * *

Sen uzoq yashaysan,
Hammadan ziyod.
Hali toychoqlaring o‘ynab yuribdi.
Meni-chi, shum ajal eshikda, hayhot,
Egarlangan otday kutib turibdi.

Sen balki baxtlisan,
Umringda ko‘klam,
Tunlar rang oladi hali sochingdan.
Men-chi, nazaringda yovqur bo‘lsam ham
Bir kunda to‘rt fasl kechar boshimdan.

Yuz yil yashab o‘tar dunyodan birov,
Fursat manglayiga sololmas izlar.
Yo‘q, yo‘q, yillar emas umrga egov,
Uni yemiradi beomon hislar...
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:53:12
* * *

Yiroq Yevropada, Oxrit bahrida,
Jahon shoirlari jam bo‘lgan oqshom,
Kimdir she’r o‘qidi boshoq haqida,
Rizqini tanidi hamma shu ayyom.

Falastinlik shoir arz etdi dodin,
Men ham insonman deb, bo‘lay deb otlik.
So‘ng daryo qa’riga otdi kitobin,
Uning bir talabi edi ozodlik.

Ha, nonu tuz bilan tirikdir inson,
Erkinlik, istiqlol mening ham jonim.
Xayriyat, ust-boshing butundir, jahon,
Paxtangni o‘yladim, O’zbekistonim.
1982, Makedoniya
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:53:38
TOSHKENT SHA’NIGA

Goho oddiy maskanday tuyuladi, ochiq gap,
Har kuni yashayverib ko‘nikib qolgan uying.
Toshkentim, ajib kentsan, muhtasham qo‘rg‘onsan zab,
Ming-minglab chaqirimdan ko‘rinib turar bo‘ying.

Necha-necha ellarda duch keldim turfa zotga,
Toshkan desang yugurar yuzlariga tabassum.
Toshkent so‘zi uyqashdir tinchlik bilan hayotga,
Toshkent desa anglanur mehr bilan tarahhum.

Shunday payt goh o‘ylayman: buning boisi nedur,
Nechun shoir tilidan tushmaydigan nazmsan!
Axir, bunda har bir g‘isht tarixdan mujda erur,
Beruniy ta’rif etgan ko‘hna shahri azimsan.

G‘afur G‘ulom so‘zini har lahzada yod etib,
Toshkentning kamolidan mening ham ko‘kda boshim.
Nega uning dovrug‘i olamni ketmas tutib,
Bu yerda ijod etsa dovrug‘li zamondoshim.

Toshkentdir kamon yasab degrezlarga bo‘lgan joy,
Bugun o‘zbek yurtining eng katta korxonasi.
O’n to‘rt go‘dak haykalin ko‘rgandirsiz hoynahoy,
O’sha turfa millatning Toshkent bo‘lgan onasi.

Jahon voqeotida sening ta’rifing shoyon,
Necha zotlar mehringdan ilhomu zavq olmishdir.
Men ham kamtar fuqarong,
madh eturman bu zamon,
Mening ham qatra qonim
tuprog‘ingda qolmishdir.
Hamisha ustuvor bo‘l, barqaror bo‘l hamisha,
Ey, ko‘hna Sharqimizning
hech so‘nmas mash’alasi.
Noming kabi mustahkam, poydor bo‘l hamisha,
Do‘stlik, baxt, muruvvatning
mangu boqiy qal’asi.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:54:00
QONUNIYAT

Oqshom baroq mushuk labini yalab
Uyquga ketadi sichqonni o‘ylab.
Sassiz qanot qoqar boyqush tunlari,
Es-hushida faqat qushning inlari.
Tulki to‘qaylarda izg‘iydi giryon
Xayolida uning tovuq yo quyon.
Burgut yuksaklarda qanot qoqadi,
U ham o‘lja izlab tuban boqadi.
Bu-ku, tabiatda qonundir azal,
Foydasiz bu yerda axtarsang masal.
Lekin olamda bor o‘zga bir holat
Uni sharh etolmas hech kimsa, hech vaqt.
Oh, faqat odamzod - farzandi bashar.
Bir-birin mahv etish qasdida yashar.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:54:16
NIYAT

Magar kelganda ham qiyomat qoyim,
Yor bo‘lsin yigitga niyati doim.

Tabarruk keksaning gapin eshitdim,
Boshing toshdan bo‘lsin, derdi, iloyim.

Dilovar dardida tortdim uzangi,
Men kim deb ado-yu, kimdir adoyim.

Gohida safardosh bo‘ldim g‘animga,
Sodiq do‘st topolmay qaytganda royim.

Boshimga chiqdi goh poyim to‘zoni,
Ulug‘lar qoshida goh bo‘ldi joyim.

Qismat qahr bilan yo‘lim poyladi,
Agarchi, baxt menga boqdi muloyim.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:54:26
* * *

Zamin aylanadi, chiqadi quyosh
Hargiz kibr bilan ko‘tarmagin bosh.
Oyoq ostingdagi xarsangni tepma,
Balki haykal bo‘lar senga o‘sha tosh.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:54:34
* * *

Sizga tilaklarim bir jahon bo‘lsin,
Boshingiz oftobli osmon bo‘lsin.
Kunduzning g‘aroyib chog‘idir oqshom,
Saodat birla u nurafshon bo‘lsin.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:54:42
EPIGRAMMA

Sen o‘lsang nimangni ko‘mamiz ekan,
Shuni o‘ylab qoldik bilonihoya...
Sen axir jismi yo‘q ko‘lankadirsan,
Sen axir birovdan tushgan bir soya.
1982
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:54:54
SIZDAN NIMA KETDI

Garchi, yashamadim beiqbol, nigun,
Garchi, davralarim nurlik, otashlik,
Nega, mening dilim, titraysan nechun,
Nechun yuragimni tirnaysan, g‘ashlik.

Ne bu, erta ketgan yoshligimmi bu,
Yoki do‘stlarimdan orttirgan hasrat?
Ne bu, qandayin his, qandayin tuyg‘u,
Qanday nomsiz mehr, ismsiz nafrat?

Qirq yil ham o‘tibdi misli bir damdek,
Qolgani ne kechar - menga noayon.
Vayrona tagida majruh odamdek
Tirmashib yashayman hayotga tomon.

Sizdan nima ketdi, ey do‘sti aziz,
Sog‘inmang menga har bir zum yomonlik.
Mendan nima ketdi, sizga ham cheksiz
Saodat tilayin, tilay omonlik.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:55:03
BAHOR TILAKLARI

Nechun ko‘klam madhi tushmas g‘azaldan,
Shoirlar bahorni kuylar azaldan?

Oshiqlar zangori kenglikka boqib,
Qo‘shiqlar aytadi bag‘rini yoqib.

Tabarruk chollarning chakkasida gul,
Momolar o‘yida bahordir nuqul.

Bir lahza yasharar qarri qo‘rg‘onlar,
Ajib dilbar bo‘lib qolar insonlar.

Ha, bahor misrasi menda ham talay,
Bu holning boisi bordir harqalay.

Azizim, g‘unchaga nazar sol bir on,
Bag‘rida hozircha turfa hol pinhon.

Ranglar yashar unda balki pushti, oq,
Ajab, tikoni ham hozircha yumshoq.

Tong chog‘i shabboda ko‘taradi bosh,
Oh, nechog‘ latifu nechog‘lik yovvosh.

Asli qahratonning nabirasi u,
Nash’u namolari hozircha ezgu.

Inson fe’li qiziq, yashagay hurkib,
Shervachchani silab, sherdan-chi, qo‘rqib.

Bahor norasida go‘dakday shirin,
Qo‘ynida ezgulik armon yashirin.

Nashtar bo‘lmasidan g‘unchaning xori
Shirin tuyuladi uning diydori.

Bo‘ronga aylanmay shabboda - go‘dak
Ozurda dillarni yayratar beshak.

Odam bolasiga doim umid yor,
Shul sabab bahorga tilagi bisyor:

Olamga qabohat zahrin sochmasa,
Mas’um yuraklarda yara ochmasa.

Qoplamasa basdur yeru samoni
Mudhish qirg‘inlarning qora to‘zoni.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:55:13
* * *

Yashasang dunyoda yorug‘ yuz bilan,
Hurmat ko‘rguzsang va bo‘lsa izzating!
Ketsang, eslasalar shirin so‘z bilan,
Yaxshi noming qolsa, qolsa xizmating.

G‘anim nafratingga kelolmasa bas,
Kulsang, sidqidildan yayrab kulolsang.
Dilda g‘ashlik bo‘lmay yashasang, xullas,
Baxtli odamlarday baxtli bo‘lolsang.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:55:25
BOBUR

Men-ku, oddiy odam,
Shundoq bo‘lsa ham
Shukr, bas, degancha g‘animlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif chinakam,
Biri jununsifat, birovi hushyor.

Biroviga yoqmas jindek jur’atim,
Biroviga yoqmas men yurgan yo‘lak.
Nogoh biror joyda chiqsa suvratim
Biri uxlay olmay qiynalsa kerak.

Biz shunday o‘tamiz,
Ya’ni kun ko‘rib...
Maydagina kuchsiz, maydagina zo‘r.
Hayotning mana shu burjidan turib,
Men Sizni o‘yladim, hazrati Bobur.

Siz - zobit, dastini cho‘zgan dunyoga,
Siz - shoir, mangu bir alanga yoqqan.
Nainki bandalar, Sizning siymoga
Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan.

Bahodirlik ichra yor Sizga Humoy,
Siz ulug‘ zotlarning izin bosgan er.
Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,
Imomlikka o‘tgay faqat Alisher.

Ha, yolg‘iz she’r qoldi, boshqasi, abas,
Yetti iqlim aro doston naqlingiz.
Ne baxt, parchin bo‘lib toj degan qafas,
Bizga yetib keldi olmos aqlingiz.

Ayting, ne topdingiz Siz kezib dunyo,
Hanuz boqisharlar sho‘rishga to‘lib.
Shoirsiz, yaxshisi, qolingiz, Mirzo,
Mushfiq yurtingizda bir shoir bo‘lib.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:55:35
BIR SIRKI...

Dedingki, mumkinmas senga hayajon,
Kulfatdan yiroq yur, may ham shart emas.
Magar yer yuzini bossa ham to‘fon
Sening to‘pig‘ingga chiqmasa, shu bas!

Ha, do‘stim, hayajon endi muvaqqat,
Shodligu g‘amni ham totganman bir oz.
To‘fon bosganda ham yer yuzin, faqat
Qutulib qolardi o‘rdak yoki g‘oz.

Lekin ogoh etay seni bir sirdan,
Balki, tanish senga bu holning foli.
Ayt-chi, qay ahvolga tusharding, birdan
Yelkangda o‘rmalab qolsa chumoli.

O, kibor tuyg‘ular, ezgulik, vijdon...
Bular hayotdagi mavjud bir ishdir.
O’zingni osmonda sanama, Inson,
Seni yengadigan... mayda tashvishdir.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:55:46
DO’STIM MUROD HAMROEV XOTIRASIGA

Men ko‘rib turibman,
Yer-osmon parchin,
Farzanding fig‘oni ko‘klarga o‘rlar.
Bir yonda o‘zbeklar egibdi boshin,
Bir yonda bolam deb yig‘lar uyg‘urlar.
Nima qilib qo‘yding,
O, do‘stim Murod,
Nahot o‘limda ham sen bo‘lding pesha,
U ahdu paymonlar bo‘ldi-ku barbod,
Yakka ov qilarkan ajal hamisha.
Minglab yil o‘tsa ham osmon qa’rida
To‘qnashmas falakning ikki to‘zoni.
Ne baxtkim, o‘zbekning munis bag‘rida
Menga do‘st bo‘lganding, uyg‘ur o‘g‘loni.
Nega yaxshilarga notanti hayot,
Nega g‘anim qolib, do‘st ketar nega?
Zukko olim eding, o‘zing ayt, Murod,
Tabiat ishiga bormikin ega?
Netay, janozangga kechikdim o‘zim,
Nogoh bu zarbadan qoldim dovdirab.
Kimga xitob aylay, Murod, azizim,
Boqurman qabringga endi jovdirab.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:56:06
QUYOSH SHAHRI

Eng teran chashmadek tinib, sizilib,
Asrlar qa’ridan keladi xabar:
Ikki ming yil burun chayla buzilib,
Qo‘rg‘on barpo bo‘ldi, yaraldi shahar.

Turon yulduzlarin silsilasida
Chaqnadi yana bir qo‘lbola quyosh.
Ulug‘ shaharlarning bo‘ysirasida
Abadiy o‘rnini topa olgan Shosh.

Toshkentim, oftobsan, Sharqda nur sochgan,
Quyoshdek tutilding necha boralar.
Tosh mag‘zing chaqolmay tamshanib qochgan
Necha Qutayba-yu, necha Dorolar...

O’zbekka maqtanish odatmas, garchand,
Bag‘rimni to‘lg‘azar ushbu kun g‘urur:
Toshkentu Buxoro, Xevoq, Samarqand,
Har biri jahonning bezagi bo‘lur.

Qalbing ko‘zi bilan nazar sol, Inson,
Mana bu Mingo‘rik, manov Ko‘kaldosh.
Moziyga bitsaydi zabon nogahon,
Erk deb qo‘zg‘alardi bunda har bir tosh.

Qadimiy Nasafda topdim tavallud,
Tanishdir Kushonning biyobonlari.
Ne baxtkim, dilimga soldi she’riy o‘t
Toshkentning sehrli xiyobonlari.

Farzandman, bag‘ringda kezurman men ham,
Sensan mening uchun maskan mo‘’tabar.
Toshkentdan boshlanur menga ham olam,
Dengizlardan nari, qit’alar qadar.

Ne-ne zilziladan chiqolgan omon.
Manglayi yarqiroq makonsan buyuk.
Baynalmilal ma’vo, asl qahramon,
Jahon tarixida noming bor suyuk.

Ishchisan, olimsan, arbobsan, me’mor,
Senga ham muntazir boqar yer yuzi.
Tinchlik degan joyda Toshkent ruhi bor,
Toshkent degan joyda osoyish so‘zi.

Ne ulug‘ tarixlar kechdi boshingdan,
Xislating ne erur - olam biladi:
Bugun har burjingdan, har bir toshingdan
Faqat do‘stlik degan sado keladi.

Yiroq afrikalik sargashta adib,
Bombay g‘azalxoni shoshar sen tomon.
Ezgu niyatlarning bayroqdori deb,
Seni sharaflaydi zaminu zamon.

Sen quyosh shahrisan, faxrimsan azal,
Omon bo‘l hamisha o‘zbeki yerim.
Sensan munis, mushfiq Sharqimga haykal,
Tuhfa bo‘la qolsin senga shu she’rim!
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:56:19
BOG‘BON

Mashhur bog‘bon Temur aka Mirzaevga bag‘ishlayman

Qashqadaryo degan so‘z aytilgan chog‘,
Hanuz miyig‘ida kulguvchilar bor.
Emishkim, u yerga noravodir bog‘,
To‘rt tuyoq yemishin o‘ylar chorvador.

Mana paydo bo‘ldi Temur Mirzolar,
Turfa chechaklarni o‘stirgan inson.
Ne-ne bog‘bonlar ham undan dars olar,
Mana, nimalarga qodir tirik jon.

Qarshi ko‘chasidan o‘tsangiz magar,
Sizni kuzatadi ming-minglab charog‘,
Qayoqdan kelmoqda bu hid muattar!
Bu - Temur Mirzolar barpo etgan bog‘.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:56:30
JANGDAN QAYTMAGAN SHOIRLARGA

Isming balki Sulton, balki Qodirsan,
Sen jangdan qaytmagan shahid shoirsan.
Lekin g‘olibsanki - safda hozirsan,
Sen saqlab qololgan jahoning menda.

Urush deganiga bo‘lsin ming la’nat,
Neki tirik bo‘lsa - aylagay g‘orat.
Sening qalaming ham sindirmish bevaqt,
Yetib-etolmagan armoning menda.

Beiz ketmadi, yo‘q, shahidlar qoni,
Quzg‘undan asradi mas’um dunyoni.
Agar ko‘kka yetsa tiriklar shoni,
O’zing orzu qilgan osmoning menda.

Har nechuk, shoirman - sen bilan jondosh,
To‘yingda to‘ydoshman, tirik yelkadosh.
Degayman, yosh umring o‘ylab, ey, qondosh,
Bitgum, bitilmagan dostoning menda.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:56:43
SO’NGGI URUSH

... Nahotki insoniyat o‘z kashfi bilan o‘zini o‘zi vayron etadi.
Javoharla’l NERU

Bir qadam qo‘ysang bas - naryog‘i o‘lim,
Bir qadam qo‘ysang bas. shaksiz halokat.
Odamzod boshida turibdi shu zum
Qazoyi muallaq, mudhish falokat.

Entikib ketadi nogoh yuragim,
Mash’um bu so‘zlarni tinglaganim dam.
Bugun faqat toshlar befarqdir, balkim,
Bugun, balki, faqat bulutlar beg‘am.

Asrlar so‘ngida yaralgan inson
Nahot endi o‘zin aylasa barbod.
Nahot oxiratga yuz bursa jahon,
Nahot karomatlar haq chiqsa, nahot.

Navoiy abasdir, Pushkin ham abas,
Rim yo‘q, Samarqand yo‘q, dahshat, alhazar!
Moziydan biror nom qolarmidi, bas,
Kelajakning o‘zi bo‘lmasa magar.

O, odam, har nega topinding nechun,
Ayt, u yaradimi biror-bir korga!
Falloh manglayidan o‘q yeydi bugun,
Sig‘inib turgan chog‘ parvardigorga.

Yo‘q, bu pok dillardan yiroq malomat,
Bu - bani odamga ko‘rgulik, sho‘rish.
Bu - sho‘rlik zaminga chang solgan ofat,
Bu - do‘zax, bu - o‘lim, bu - so‘nggi urush.

Alhazar, olamda nainki odam,
Hayotning o‘zi ham kirsa qabrga.
Koinot qa’rida zamindan u dam
Nahot eshitilsa so‘nggi qasirg‘a.

Nahotki, tangri ham, iblis ham ko‘r-kar,
Osiy banda bilan ketsa jonhalak.
Ayt-chi, sobit kuching bor bo‘lsa magar,
Bizni ne murodda yaratding, falak?!

Bu bari - asrimiz kashf etgan balo,
Bu - yovuz sarmoya, ko‘ru kar, so‘qir.
Boshimiz ustida turibdi guyo
Bir soch tolasiga bog‘langan shamshir.

Ummon ortidagi mitti qiz Smit
Jahon taqdiri deb jar solar bu choq.
Hayhot, o‘shal joyda qaysidir palid
Uning qismatiga qayraydi pichoq.

Munis O’zbegimning osoyish chog‘in,
Kuylamoq menga ham baxtdir bazavol.
Kurashlarda o‘tgan farzandlar dog‘in
Unutmoqni lekin kim qilar xayol.

Har kim ona deydi mushfiq yerini,
Oh, ne g‘am, onani kulfatda ko‘rish.
Mayli, shoir yozsin so‘nggi she’rini,
Faqat, bo‘lmasa bas, so‘nggi bu urush!
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:57:04
INJU DIYOR UCHUN

Qutlug‘ davralarda jam bo‘lgan mahal,
Do‘stlarga baxt tilash azaliy odat.
Keladigan bu yil tinch bo‘lsin avval,
Baxsh etsin har kimga oliy saodat.

Yoshlik - bu karvonning erka noridir,
Daryoday toshqindir, jilg‘a kabi sof.
Yoshlik - kelajakning xaloskoridir,
Sira tark etmasin yoshlikni insof.

Mo‘’tabar onalar - xonamiz ko‘rki,
Otalar hayotdir - yorug‘dir jahon.
Tiriklik nomiga bir o‘tinch shulki,
O’rtaga tushmasin bemahal hijron.

Inju diyorimiz ko‘z bo‘lsa agar,
Mudom omon bo‘lsin to‘garak zamin.
Boshimiz silagan shu xalq mo‘’tabar,
Daf’atan chekmasin farzandlar dog‘in.

Yangi yil sha’niga aytmoqdamiz so‘z,
Balki o‘tib ketar bir zum bu farah.
Xalqimning mehnatin aylagin ko‘z-ko‘z
Million chanoqlarda ko‘pirgan qadah.
1983 yil, noyabr
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:57:17
HASADGO’Y HAQIDA

O’zi oddiygina,
Kam yo‘q ishida,
Tonnalab ko‘mir bor
Lekin ichida.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:57:27
* * *

Samoda yuribdi hanuz yolg‘iz oy,
Tanholik qiynaydi uni hoynahoy.
Yo‘qlikdan axtardim sening vaslingni,
Kim qayga sig‘insa, Ka’ba o‘sha joy.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:57:36
* * *

Shukr aytay, ko‘p yaxshi umr ko‘rdim men,
Goh yaydoq shamolday davron surdim men.
Lekin seni ko‘rsam bulut oldida
Chorasiz yo‘lbarsday hayron turdim men.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:57:44
* * *

Azizim, payt keldi, ko‘nglim yoraman,
Insonman, sen horsang, men ham horaman.
Oting qamchilama o‘zg‘irman deya,
Sen borgan u joyga men ham boraman.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:57:52
* * *

Tug‘ilsang baxt bilan kamol o‘shadir,
Tark etsang olamni zavol o‘shadir.
Oxir chog‘ tuprog‘ing ustiga kelib,
Kimdir yod aylasa, iqbol o‘shadir.
1983
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:58:03
ETNA VULQONI

Hanuz yonib yotar Etna vulqoni,
Daf’atan o‘xshar u olovrang gulga.
Oqib tubanlarga lava to‘foni,
Sekin aylanadi qop-qora kulga.

Men uning qoshida saqladim sukut,
Ha, bir chog‘ olovli edi yo‘llarim.
Endi u otashlar bo‘ldilar unut,
Poyingda yotibdi endi... kullarim.
1984, Sitsiliya oroli, Italiya
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:58:16
SAVOL

Tanho sahrolarga bosh olib ketsam.
Yo yiroq g‘orlarni oshyon etsam,
Bedo‘stu beyoron tugasam, bitsam,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi?

Qolmasa dunyoda mendan xotirot,
Nainki xotirot, oddiy, jo‘n bir ot.
Bo‘lsa na bir qavmim, na xesh, na avlod,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi?

Olamga o‘t qo‘ysa har aytar so‘zing,
Yiqsang dunyolarni - tikkan choq ko‘zing,
So‘ngra mo‘ri kabi qolsang bir o‘zing,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi!
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:58:28
O'TINCH

Chindan ham asrimiz bormoqda o‘sib,
Har qanday kulfatga turmoq kerak shay.
Ajabmas, bobosin burchakka qisib,
Nasihat o‘qisa biror bolakay.

Ajabmas, erta kun bir shoir ukam,
She’rlar yozib yursa Somon yo‘lida.
Ajabmas, yo‘qolsa ajab so‘zi ham,
Tahrir topsa Inson zamon qo‘lida.

Har kimga o‘z davrin yo‘rig‘idir yor,
Mayli, tap tortmagin sen ham har ishdan.
Bolam, faqatgina bir o‘tinchim bor,
Hazar qilsang basdir harom-harishdan.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:58:44
MUSTAY KARIMGA

Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Garchi u uch nomlik bitta bo‘stondir.
Uzoq tarixlardan bir nom barqaror,
O’rta Rossiyada Oygulistondir.

Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Oyguldan tarqalgan bir gulistondir.
Bu kun nomi uning metin va poydor,
U - aziz, mo‘’tabar Boshqirdistondir.

Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Uchinchi ushbu nom menga ayondir.
Bu she’riy qo‘rg‘ondir, mangulikka yor,
Bu ulug‘ she’r yurti - Mustayistondir.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:58:55
OFTOBSHUVOQ

Bahor kunlarida,
Oftobshuvoqda,
Hordiq olar edi ko‘pincha onam.
Naykamalak balqsa Qo‘ng‘irtov yoqda,
Nechog‘ yosharardi bu ko‘hna olam.

Xastalik qiynardi onamni biroq,
U chetga termulib uh tortar edi.
Bahor yoqsa hamki olamga charoq,
Mening yuragimda g‘am ortar edi.

Men onam yonida ivirsib beun,
Kun bo‘yi yurardim dilgir, betoqat.
Yiroq-yiroqlardan mungli va uzun,
Turnalar tovushin tinglardim faqat.

Shu-shu o‘nglanmadi onam rahmatlik,
Mening ham yillarim topdilar to‘zim.
Bugun onam kabi yolg‘iz, toqatlik,
Bahor quyoshiga boqaman o‘zim.

Endi meni ezar ming bitta xayol,
Ular o‘tkinchi do‘st, vafosiz yorlar.
Endi o‘zim dardkash, o‘zim jim va lol,
Endi o‘zim uchun tiyra bahorlar.

Iliq tomchilagan yomg‘ir ham goho
Tuyular onamning ko‘z yoshi bo‘lib.
Onam turganiday teppamda go‘yo
Bahorning mehribon quyoshi bo‘lib...
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:59:04
ODAM BOLALARI

Odam bolalari turfa naqadar,
Biri mo‘min bo‘lsa, boshqasi asov,
Biriga quyuqroq salom bersang gar,
Xushomadgo‘y deydi, nomingni darrov.

Mayliga, ataylab biror kun sen ham
Qad kerib, sipoyu o‘ychan bo‘lib yur.
Malomat yog‘ilar boshingga shu dam,
Seni ataydilar darhol takabbur.

Yaxshisi dilingda bo‘lsin muhabbat,
Oshkor etaverma uni jo‘rttaga.
Avliyo misoli jim yurgin faqat,
Ko‘zlardan yiroq bo‘l, chiqma o‘rtaga.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:59:12
QARDOSH SHOIRGA

Shahar talashmagin, daryo talashma,
Iste’dod talashma, daho talashma.
Tabiat yaratgan yaylovda xurram,
Bizdek o‘tlab yurgan jonzodsan sen ham.
Bu ko‘hna tuproqni kovlasang agar,
Chiqar necha nomsiz daryo va shahar.
Kechmish daholarning aytgan so‘zlari .
Ahli diyonatning mulkidir bari.
Tangrini ilk bora o‘ylab topgan kim?
Bu savol qoshida barchamiz ham jim...
Qurbing yetsa magar qo‘rg‘on yaratgin,
Olamni o‘zingga mayli, qaratgin.
Qimmat bergin bizga asl, bebaho,
Nomingni ataylik mayliga, daho!
Tariqday zamin bir va Inson birdir,
Bilmagan mardumga bu holni bildir!
Shunda men qoshingda egarman boshim
Va seni atarman chindan qardoshim!
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:59:21
TUNISLIK BOLA

Rimda Tunisdan ish axtarib kelgan bir o‘spirinni ustidan benzin quyib yoqib yubordilar

Afsus, razolatga botdi bu ochun,
Aybni yaratganga to‘nkamoq nechun.
Senga o‘t qo‘ydilar bir ermak uchun,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Bilaman, sen uchun parcha non qahat,
Zamin mozor bo‘lsa, Afrika lahad.
O’t qo‘ysa, o‘t qo‘ysin o‘z eling faqat,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Bu shundoq manzilki, do‘stni yovlaydi,
Ota o‘z farzandin avrab tovlaydi.
Bu yurtning sayyodi odam ovlaydi,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Shundoq holga kelmish qadimiy Lotin,
Bulg‘alar sharafin, bulg‘alar zotin,
Chumolicha ko‘rmas odam hayotin,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Ha, olov ostida butkul yer yuzi,
Tutunga to‘lmoqda odamzod ko‘zi,
Yonib ketmasaydi zaminning o‘zi,
Rimga nega kelding tunislik bola?
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:59:31
* * *

Ravo ko‘r, yuzingda bir xol bo‘layin,
Ko‘rsat ag‘yoringni, zavol bo‘layin.
Kattakon to‘y qilib nog‘ora chalgin,
To‘yingda suv tashib hammol bo‘layin.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 16:59:58
* * *

Oftob botib ketdi, egildi boshim,
Yulduzdek sochildi ko‘zimdan yoshim.
Hajringda bag‘rimni yerga berurman,
Tun bir lahad bo‘lsa, oy qabr toshim.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:00:11
* * *

Oqar daryoga ham kimdir band bergan,
Hayot kimga zahar, kimga qand bergan.
Ey, g‘ofil, sarkash deb meni kamsitma,
G‘anim senga emas, menga pand bergan.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:00:19
* * *

Bilaman, o‘tadi shodlik bilan g‘am,
Bilaman, g‘animat erur har bir dam.
Payg‘ambar atadim har zotni, ammo,
Muridim demadi hech bitta odam.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:00:43
* * *

Oh, o‘tgan u kunlar qaytmagay zinhor,
O’chgan muhabbatning yonmog‘i dushvor.
Nigohing qadama qarog‘imga sen,
Unda to‘kilmagan ko‘z yoshlarim bor.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:01:16
O’ZBEKISTON BAYROG‘I

Har qanday lashkarning ham
O’z tug‘i, yalovi bor,
Sen qaysi saltanatdan,
Sen qaysi davlatdan kam.
Qo‘rg‘onlar qatorida
Bir qo‘rg‘onsan ustuvor,
Vallamat, tug‘dor yurtim,
Muhtasham Respublikam.

O’ylayman, ha, olamda
Nisbiy erur ko‘p holat,
Zamona g‘alviridan
Har narsa o‘taverar.
Tarix uchun va lekin
Kim ham bergay kafolat,
Yakka inson bir yo‘lchi:
Kelaru ketaberar.

Qadim-qadim zamonda
Yunonlik haykaltarosh,
Bir san’at yaratibdi,
Maqsadi - bir burda non.
Haykal esa asrlar
Sinoviga bermish dosh,
Bugun uni ko‘klarga
Ko‘tarar butkul jahon.

Ko‘zni kattaroq ochib
Boqsang bu muammoga,
Alam qilgulik qadar
Kam yashar inson zoti,
Faqatgina xalq sohib
Bardavom bu dunyoga,
Asragay har kas nomin
Faqat xalqning hayoti.

Sanasang hodisot mo‘l
O’zbekning tarixida,
Har biriga bir noma
Yoki doston bitgulik.
Ne zotlar oqmagan bu
Asrlar arig‘ida,
Har biri bitta xalqning
G‘ururiga yetgulik.

Barchaga ayon erur
Men aytgan ushbu gaplar,
To hanuz asablarni
Ezg‘ilar bu shum o‘tmish.
Moziyga o‘qtin-o‘qtin
Sochsak hamki g‘azablar,
Lekin ayting, o‘zbekning
Qo‘lidan kim ham tutmish?

Bir kuni yovqur shoir
Ya’ni Turdi Farg‘oniy,
Bo‘ltak bo‘lgan bu xalqqa
Birlash deb qildi xitob.
Bejavob qolaberdi
Uning dardli so‘rog‘i,
O’sha-o‘sha zamin kar,
O’sha-o‘sha gung oftob.

Bugun zimdan nazar sol
Sen mana bu bayroqqa,
Mayliga bir daqiqa
Unutgin turfa kekni.
Shu bayroq nomimizni
Eltdi yiroq-yiroqqa,
Shu bayroq birlashtirdi
Parokanda o‘zbekni.
1984
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:01:27
KO’ZGU PARCHALARI

Ko‘zgu parchalari yo‘lakda yotar,
Unsiz sharpalari ruhimga botar.

Yuzlarim aks etar bir parchasida,
Ko‘zlarim aks etar bir parchasida.

Birida osmon aks etsa agar,
Birida qushlarning raqsi jilvagar.

Olamning yaxlit bir suvratin ammo,
Namoyon etolmas bu ko‘zgu aslo.

Xilqat uning uchun but bo‘lmas mangu,
Axir, parcha-parcha singan ko‘zgu bu.

Meni ma’zur tutgin, muhtaram Inson,
Suvrating chizolmay turibman hayron.

Bir kun fazilating olsam qalamga,
Bir kun qabihliging yoygum olamga.

Bir kun ko‘z yoshlaring qog‘ozimdadir,
Bir kun zaharxandang ovozimdadir.

Bir kun o‘tmishingdan faryod solurman,
Bir kun iqbolingdan o‘yga tolurman.

Sening bo‘y-bastingni ko‘rsatmoq uchun,
Ko‘zgu kerak axir yaxlit va butun.

Shoir yuragi-chi, olamda yakkash
O’sha chil-chil singan ko‘zguga o‘xshash.
1985
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:01:45
MENGA HAYOTNI BER

Sen mening dardimga qilibsan havas,
Havasing kelibdi shifoxonamga.
Demishsan: - Yor unga omad har nafas,
Ayricha iltifot bor bu odamga....

Sen-ku, yovqur Inson, sog‘ va salomat,
Tog‘larni yiqadi purkkan nafasing.
Bilmadim, yuz bermish qanday adovat,
Zaqqum dorularga kelmish havasing.

Menga odam fe’li ayondir bir oz,
Oshnoman men uning ginalariga.
Ajabo, bor ekan sendek ishqiboz,
Doktorning tig‘iyu ninalariga.

Ruhimda osoyish, dilimda charog‘,
Shifokor ahliga o‘qurman tahsin.
Lekin xitob aylay senga ushbu chog‘:
Olgin, dardlarimning olgin barchasin!

Oydin palatalar sengadir tortiq,
Shiftga boqqaningcha qomating kergil.
Menga bu hashamlar kerakmas ortiq,
Menga o‘z kulbai xonamni bergil.

Jarroh nashtari ham sengadir nisor,
Senga, tabobatning jami malhami.
Menga-chi, bir umr baxsh etsin mador,
Munis do‘stlarimning mehr olami.

Darddan arimasin vujuding hech bir,
Yo‘ldosh niyatingga yetishgin shitob.
Menga mashaqqatli tiriklikni ber,
Menga bo‘la qolsin mangu shu azob.

Shoir yashamaydi aslo bealam
Va biron kimsaga istamas balo.
Lekin o‘zgalarning kulfatiga ham,
Hasad qilganlarga shu tilak ravo...
1985
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:01:57
DIALEKTIKA

Men hayotni sobit holda ko‘rmadim aslo,
Tuzilgan u agarlardan va magarlardan.
Deylik, biror firibgarga duch kelgan asno,
Iboratmi deysan hayot firibgarlardan.

Qattol urush davom etgan elning shoiri
She’r bitadi hasratga yo g‘azabga to‘lib.
Kimki agar biror dardning bo‘lsa asiri,
Tuyuladi butun olam unga dard bo‘lib.

Sevishganlar uchun esa dunyo bir jannat,
Oy-chi, nondek tuyuladi qorni ochlarga.
Butkul hayot diydasi yo‘q tosh erur faqat,
Kuning qolsa deylik faqat bag‘ritoshlarga.

Faylasuflar so‘z ochsa gar abadiyatdan,
O’ylaysizki, har bir onim mangulikka yor.
Inson zoti ayri tushmas aslo niyatdan,
Ne tilasang shuni bergay, degan gap ham bor.

Modomiki shundoq ekan tabiat asl,
Sobit narsa qanday o‘zi? Boqiylik qayon?!
Bo‘larmikan bu dunyoda bir murod hosil,
Tugallikka yetisharmi biror kun jahon!

Shoir ahli kuylarmikan bitta qo‘shiqni,
Bormi ekan bu dunyoda oliy, komron dam.
Quyosh bir kun chulg‘armikan har to‘rt ufqni,
Tug‘ilarmi baxti komil, bus-butun odam?

Bu - bir xayol, chorasi yo‘q armondir xolos,
Hamishalik qo‘shni erur kunduz bilan tun.
Yolg‘on dasti gar dunyoda bo‘lolmas daroz,
Lekin haqning qo‘llari ham emasdir uzun.

Chora bitta: Niyatingni ezgulikka bur,
Faqat shunda go‘zal bo‘lib ko‘ringay falak.
Yo‘qsa hasrat og‘ushida o‘tgaydir umr,
Bamisoli o‘ra ichra qolgan kapalak...
1985
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:02:13
HAR QANDAY DAMDA HAM...

Ko‘ngling sovimasin qilar ishingdan,
Hafsalang so‘nmasin hech qachon.
Ma’no topolmaysan o‘z turmushingdan,
Tussiz, zerikarli ko‘rinar jahon.
Ko‘hna objuvozday aylanar dunyo,
Ohangi miyangga sassiz quyular.
Mingga kirgandaysan o‘zing ham go‘yo,
Kelajak o‘tmishing kabi tuyular.
Yashaysan nomi yo‘q bir dardga to‘lib,
Tomirdan qoning ham go‘yo oqmaydi.
Nainki do‘st so‘zi, nainki mahbub,
Bolangning sho‘xligi yoqmaydi.
Sokin kechalari, ayvonda yolg‘iz,
Olis yulduzlarga boqasan to‘nib.
Ular ham ko‘zingga ko‘rinar bu kez,
Juda uzoq borsa, yonar qurt bo‘lib.
Shundoq, inson dili ajib muammo,
Koyima bundayin holati uchun.
Qo‘lingdan kelsa gar madad ber, ammo,
Har qanday damda ham sen uni tushun.
1985
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:02:24
YOLG‘IZ ODAM

Qiyin, senga, qiyin,
Juda ham qiyin,
Salomingga birov alik olmasa.
Vaqt-soating yetib, o‘lganingdan keyin.
Boshingda bir kimsa faryod solmasa.
Chindan ham sevmasang yorug‘ olamni,
Dildagi arzingni kimga ochursan.
Balki shu sababdan, jami odamni,
Ozurda qilishga shoshursan...
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:02:46
VA’DALAR

Men qo‘rqaman Yangi yilga
She’rlar bitmoqdan
Qquvchimga yo‘q narsani
Va’da etmoqdan.
Aytildimi - bajarilsa
Va’da va tilak,
Yo‘qsa, bir yil ko‘zdan yiroq
Yurmoqlik kerak.
Va’da berib aytamiz biz:
Yo‘qolgay nifoq,
Mehnat qilgan katta-kichik
Bo‘lib ittifoq.
Qarabsizki, qay birovlar
Ahdni buzgaylar,
Zum o‘tmayin o‘zlaricha
Reja tuzgaylar.
Va’damizdan o‘rin olar
Albatta vijdon,
Yangi yilda, deymiz, har kim
Bo‘lgay pokdomon.
Lekin riyo bir burchakda
Poylab turadi.
U ham endi kimlarnidir
Yo‘ldan uradi.
Shuhratparast, lo‘ttibozga
O’rin yo‘q sira!
Har birimiz bo‘lajakmiz
Sof va bokira!
Yangi yilda ana shunday
Yangrar so‘zimiz,
So‘ng yil bo‘yi begonadir
Kimlarga diydor.
Yangi yil-chi, barchasiga
Qaragay kulib,
Kela berar, keta berar
Ishonchga to‘lib.
Qarimayman, mangu yoshman
Deganning, biroq,
Qasamiga bovar qilmas,
Solmagay quloq,
Undaylarning ko‘zin jindek
Yoshlab o‘tar u,
Sochlariga bir tola oq
Tashlab o‘tar u.
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:02:55
TO’QAY

Men demam aslo seni: sho‘rlik To‘qay,
Dardlisan, lekin mudom nurli To‘qay,
Chunki sen ozod zamonni istading,
Maqsading hurlik edi, hurlik, To‘qay.
O’zbegu totor, qozoq, boshqird bo‘lib,
Ko‘rinarsan menga goh turlik To‘qay.
Sen qorong‘u kechalar bitding yonib,
Chiqdi go‘rga aslida zo‘rlik, To‘qay.
Haq so‘zingga millating ko‘z tiksa ham,
Necha zotlar qildilar ko‘rlik To‘qay.
Hech ajab ermas Seni yod aylasam,
Ikkimiz ham bir qiya, o‘rlik, To‘qay.
1986, Qozon
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:03:04
G‘ALATI ZOT

Yong‘oqning tagidan o‘tganmi bu zot,
Na do‘stin, na yorin xushlaydi.
Boshini silasang, shu zahot,
Qo‘lingni tishlaydi...
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:03:13
KEKSA MUHOJIR

- Nega qadding egik, nega boshing xam
Nega nigohingni tortadi tuproq?
- Mening yer ustida tanishlarim kam
Mening yer ostida do‘stlarim ko‘proq.
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:03:22
AQL HAQIDA

Shunchalar go‘zalsan, go‘zalsan, sanam,
Ta’rifing bitmoqqa ojizdir qalam,
Bir yigit umrini obod etarding,
Aql ham berganda falak bokaram...
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:03:32
QALDIRG‘OCH

Deydilar, qaygadir o‘t ketsa, albat,
Chumchuq xas tashirmish, qaldirg‘och-chi,
Balki, bu chumchuqning sha’niga tuhmat
Yong‘in nimaligin, balki, bilmas u...

Sen dunyo holiga nazar sol birpas,
Nazar sol ko‘zlardan oqqan yoshlarga.
Dunyoda kulbalar yonar har nafas,
U doim muhtojdir qaldirg‘ochlarga.
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:03:41
XUSUMAT

Dunyoning bori shu,
Har qanday zot ham,
Aybin olavermas bo‘yniga.
Balki, shu boisdan, qanchalar odam,
Tosh solib yuradi qo‘yniga.

Xusumat, deydilar ushbuning otin,
Dastidan yig‘inlar, uylar bezovta.
Bezovtadir hamma oshkor yo botin,
Azalar bezovta, to‘ylar bezovta.

Har holda bo‘lmagay qiyomat qoyim,
Bularning ko‘plari quruq savlatlar.
Yomondir, yomondir, qo‘yniga doim,
Tosh solib yursa gar davlatlar.

Gar ular yursalar kuchin pesh qilib,
Jim tinglar zaminning dardli na’rasin.
Mayda toshchalar-ku o‘tar, ishqilib,
Uning kattasidan xudo asrasin.
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:03:54
TO’LIN OY

Keksaygan hilolim, ey sen, to‘lin oy
To hanuz buzursan halovatimni.
Yodimga solursan endi, hoynahoy,
Sochlari oqargan muhabbatimni.

Yillarim kechdilar yeldirim misol,
G‘unchalar bag‘riga xayolday indim.
Endi-chi, toliqib, horg‘in va behol,
G‘orlarga bekingan shamolday tindim.

Bilmadim, qaydadir yotar sarg‘ayib,
Otashin hislarim o‘ralgan daftar.
Qaysidir go‘shada bo‘lmishdir g‘oyib,
Bir zamon qo‘limdan uchgan u kaptar.

Endi visol o‘zga, o‘zgadir firoq,
To‘lin oy, o‘tinchim yodingda tutgin.
Bizning tomonlarga yo‘ling tushgan chog’
Mening kulbamga ham mo‘ralab o‘tgin..
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:04:05
SIZNI UCHRATGUNCHA

Qay fursat men sizni ko‘rdim banogoh
Endi zarra hijron dilimni g‘ashlar.
Buncha yarashmasa o‘zingizga, oh,
Munis tabassumu ma’yus qarashlar.

Hech kimni hayratga solmas hech qachon
Mening yoningizda yo‘g‘im yo borim.
Yo falak, shuncha yil kezibman sarson
Sizni uchratguncha, erka dilbarim...
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:04:20
INSON HURMATI

Soqoli ko‘ksiga tushsa ham garchand,
Inson atalmagay masalan, serka.
Odamlik hurmati shunchalar baland,
Uni uraberma har nafas yerga.

Buguncha emaklab yurgan shu jujuq,
Ertan kashf etadi balki dunyolar.
Tiriklik sen bilan barham topmas, yo’q
Hamisha oqadi oqqan daryolar.

Itqit jaholatni, aqlga yuz tut,
Bunchalar e’tiqod qo‘yma jabrga.
Bir kuni ko‘z yumsang, seni ham el-yur
Boshida ko‘tarib eltar qabrga.
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:04:35
OYBEK HAQIDA QO’SHIQ

Qalbi pok mardona elning,
Sen aziz farzandisan.
Ganju mulkka bergisiz el,
Gavhari, dilbandisan.
Har kalimang ma’rifatning
Ufqida oydek to‘lib,
El aro topding sharaf sen,
Ustoz Oybek bo‘lib.
Shan hayoting odamiylik
Xayru soflikdan nishon,
Chaqnadi she’ringda nurli
E’tiqod birlan imon.
Goh Navoiy suhbatingda,
Goh Torobiy, Yo‘lchi goh,
Sen sevikli davrim o‘g‘li
Begumon, beishtiboh.
Xizmatingdan, hikmatingdan
Elu yurt mangu rizo,
O’chmagay, noming asrlar
So‘ngidan bergay sado.
1986
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:04:48
AHMAD ZOIRNI TINGLAB...

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
So‘zlayin ezgulik, shafqat otidan.
To barpo bo‘libdi ko‘hna bu jahon,
Karvonlar oh chekar yovlar zotidan.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Ona Sharq sehri bor jihozlaringda.
Senda yig‘lab borar Sa’diy navjuvon
Rudakiy mehri bor bayozlaringda.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Chashmi zilol bo‘lib dardingni olay.
Yo bir yaproq misol bo‘lay soyabon,
So‘ngra xazon yanglig‘ yo‘lingda qolay.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Umidli bu jahon g‘amga bo‘lmas g‘arq.
Izingdan termulib qolmay to nolon,
Qumliklar bag‘rida g‘oyib bo‘lma, Sharq.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:04:56
ISM HAQIDA

Xayolimga kelar goh g‘alat bir gap,
Har uni el aro so‘ylab yurmasman.
Bilmadim ne bois, bilmam ne sabab,
Ismimni birovga ravo ko‘rmasman.

Ulug‘ otdoshlarim maqomi yuksak,
Men shogird erurman garchand alarga.
Har nechuk, bir gapni aytmog‘im kerak:
Oson bo‘lmagan hech Abdullalarga.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:05:07
HAZIL

Ellikda odamlar qirol bo‘lishgan,
Qirol bo‘lmaganlar qarol bo‘lishgan.
Aravakash bo‘lgan uquvsizlari,
Shu yoshda boyigan zargarning bari.

Shoirlar shu yoshda dovrug‘ qozongan,
Yonsa - so‘nggi muhlat - oshiq ham yongan,
Oh, do‘stim, bizlar-chi, nimani ko‘rdik,
Ellikka shunchaki lallayib kirdik.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:05:16
UQTIRISH

Unga uqtirdilar,
Oqni qora, deb,
Chunki bir qorani,
Oqlash lozim edi.

Unga uqtirdilar
Toqni bu - juft, deb,
Chunki bitta juftni
Toqlash lozim edi.

Unga uqtirdilar
Qing‘ir to‘g‘ri, deb,
Chunki bir qing‘irni
Yoqlash lozim edi.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:05:26
OROL UCHUN

Goho miyamizni qoplasa savdo,
G’alat tasavvurlar xayolga kelar:
Registon yo‘qolib qolsa mabodo,
Ayting-chi, do‘stlarim, ne hol yuz berar?

Ayting-chi, qandayin kunga tushardik,
Buxoro bo‘lmasa, bo‘lmasa Xevoq?
Ular abadiydir deya behadik
O’tib borayotir umrimiz mudroq.

Shaharlar joyida turibdi bu kun,
Ularning zavoli kelmas xayolga.
Merosiy xudbinlik borligi uchun
Qaramay qo‘yibmiz afsus, Orolga.

Otang ketsa agar, ota bo‘larsan,
Onaning o‘rnini bosgay qiz, singil.
Dengizing qurisa ne ham qilursan,
Qayga bosh urarsan ey, munglug‘ ko‘ngil.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:05:35
OTALAR ILGIDA ZAMON BILAN VAQT

Otalar sha’niga loyiq so‘z demoq
Tabarruk bir kitob yozish bilan teng.
Ularning mehri-ku, bamisli charoq,
Bag‘ri ham yulduzli osmon kabi keng.

Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
Zaminni kaftida tutib, avlodga
Bus-butun yetkazgan otalar, axir.

Yuksak-yuksaklarda uchgan sor lochin
Nazar uzmagandek polaponidan.
Bardavom naslini asramoq uchun
Axir ota qavmi kechgan jonidan.

Non, degan farzandning dardli xitob
Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
Bardoshli umrning zaqqum zardobi
Sochlari qirovdek ko‘pirib chiqqan.

Taxti Sulaymondan balanddir beshak
Ota deb atalgan martabayu baxt.
Farzand bunyod bo‘ldi, o‘lim yo‘q demak
Otaning ilgida zamon bilan vaqt.

Men ko‘kka termulib kutmasman madad
Do‘st izlab har yonda kezmasman sarson
Do‘stu madadkor ham otadir abad,
Shoni - shoning erur, armoni — armon.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:05:49
ESKI QUDUQ

Hamma biladigan rivoyat buldir:
Emish Iskandarning bor ekan shoxi.
Uni yashirolmay sartarosh qurg‘ur
Quduqqa aytibdi, shuldir gunohi.

Yashab kelmoqdaman o‘zimga ko‘ra,
O’tgan-ketgan sirdan ko‘nglim erur to‘q.
Lekin nedir menga yetishmas sira,
Balki yetishmaydi u eski quduq.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:05:58
BEMAHAL QOR YOO’QAN KUNI

Bul chog‘i, bo‘stonga ishtiyoq baland,
Nechundir bemahal yog‘a ketdi qor.
Diktorning bir og‘iz e’loni bilan
Chindan ham qaygadir berkindi bahor.

Bu fursat chamansiz ko‘ngillar yarim,
Bulbulni quvlamang dostonimizdan.
Sizdan nima ketdi, diktor do‘stlarim,
Qorni kurab qo‘ying bo‘stonimizdan.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:06:11
SARHADLAR

Kimsaga baho berish ilinjida yurganlar,
Eng avval o‘z-o‘ziga boqishlari kerakdir.
Qadimiy bobolar ham ming o‘ylab bir degan
Har kimning go‘ri boshqa, azroili bo‘lakdir
Qanchalik ishing bordir hayotim bilan, ey yov
Seni tangri teppamga posbon qilib qo‘ygan
O’z tushim o‘zimniki, goh otliqman, goh yayov,
Men yegan burda nondan sening qorning to‘y
Muqaddas sarhadlar bor insonning hayotida
Ularni bosib o‘tish odamlikka yot erur.
Qancha-qancha sir yashar har kimning bisoti
Shul sabab u INSONDIR, shu sabab u ZOT
Kimga muhabbat qo‘yib, kimga nafrat bildi
Nafas olish singari ixtiyoriy jo‘n bir gap
Afsonaviy devlar u - qo‘llarida urto‘qmoq,
O’tgan-ketgan bandani o‘zicha yurgan tergab.
Mana bu buloq menga g‘oyatda yoqib qolmish,
Mana bu shabboda ham menga g‘oyat alomat.
Sening esa hushingni, deylik, dengizlar ol
Yo‘lingdan sira qolma, joning bo‘lsin salom
Azizim, dil qasriga beso‘roq kira ko‘rma,
Unda qo‘sh-qo‘sh ilonlar, ajdaholar yotadi.
Sen birovni toptay deb behudaga ot surma .
Har kimning o‘z quyoshi o‘z ufqiga botadi.
O’z uying, o‘z to‘shaging o‘z-o‘zingga buyurib,
O’z farzanding, o‘z yoring bo‘laversin seniki
Xohla tingla xohlama - ketaver qanding ur
Ixtiyor senikidir, bu she’r esa meniki.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:06:20
KOMETA

Chingiz Ahmarovga

Har zamon, har zamon Yer yaqinidan,
Noyob kometalar o‘tib qoladi.
Kimlardir ko‘z uzmay nur chaqinidan,
Ularning suratin oladi.
Kimlardir payqamas, yo bo‘lmas ogoh,
Ko‘p borsa ta’birlar ko‘rgan bir tushin.
Ular qaydan bilsin, kometalar goh,
Yuz yilda bir marta qaytib o‘tishin.
Nechog‘lik g‘aroyib manzaradir bu:
Samoviy nur bilan yo‘g‘rilgan san’at.
Somon yo‘llarida yugurgan ohu,
Zuhro jamolidan uzilgan tal’at!
Yondi yana qachon kelar u qaytib,
Gohi yuz yil o‘tar, ming yillar gohi.
Yolg‘iz u o‘tmishdan afsunlar aytib.
Olis kelajakning bo‘lgay guvohi.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:06:29
* * *

Taqdir yo‘rig‘idan roziman ming bor,
Menga duch ayladi seni ey, nigor.
Ko‘zingda poyonsiz umrimni ko‘rdim,
Sensiz bir lahzaning o‘tmog‘i dushvor.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:06:38
XATOLARING KERAK ULARGA

Shundaylar bor, senga lutf aylab,
Do‘stman, deya qo‘lin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni kutarlar.

Xato qilsang, ularga bayram,
Yo‘qsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra bo‘lsa ham,
Xato qilishingni kutarlar.

Xatolaring kerak ularga,
Shox-novdangni darhol butarlar.
Tag‘in kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni kutarlar.

Axtarurlar hamisha illat,
Yetti pushting go‘rin titarlar.
Faqat unma, ulg‘ayma faqat,
Xato qilishingni kutarlar.

Ular senga bir umr yo‘ldosh,
Sodiq hamroh kabi o‘tarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni kutarlar.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:06:46
SOBITLIK

O’chib borayotir qanchalar kalom,
Ne-ne bitiklar ham yo‘qdir, vassalom
Dunyoda faqat bir sobit suxan bor:
U o‘z farzandingga o‘zing qo‘ygan nom.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:06:54
KO’RDIM

Soddadil odamni juda kam ko‘rdim,
Borin ham shikasta, ko‘zin nam ko‘rdim
Dunyoda firibgar ko‘p ekan, lekin,
Ularning barchasin shod-xurram ko‘rdi
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:07:07
EL QO’LLASA

El qo‘llasa, azizim, omon bo‘lsak, aja
Qo‘llamasa - rang-ro‘yi somon bo‘lsak,
Elni bizdan qizg‘anib so‘z aytguvchi zo
Ular uchun bir umr yomon bo‘lsak, ajabo
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:07:15
GURUHBOZ

Bitta o‘zi pashshani ham yiqolmaydi,
U joyga ham bitta o‘zi chiqolmaydi.
Qayga borsa atrofiga sherik to‘plar,
Yo‘qolsa ham bitta o‘zi yo‘qolmaydi...
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:07:25
* * *

Yiroq bo‘l hasratdan, mungdan, ko‘zyoshdan,
Sha’ningga otilgan ta’nadan, toshdan.

Mag‘rur tursang agar, mag‘rur degaylar,
Mutelik izlarlar fe’li yovvoshdan.

Yupanch topoldingmi, dunyoga kelib,
Ustoz yo shogirddan yoki tengdoshdan.

Qashqir to‘dasida qolgan bir otsan,
Tuyog‘ing sinmasa basdir, bardoshdan.

Faqat muhabbatga topingil, ey qalb,
Sen mehr ko‘rgaysan o‘shal quyoshdan.

Axir bobolar ham demishlar qadim:
Muhabbat yaratgan dunyoni boshdan.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:07:36
* * *

Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol.

Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u
Oniy umri bilan sollanar chechak.
Bahor - eng pokiza shabbodadir bu,
Bahor - eng toza bir shamoldir demak.

Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni,
Ko‘zimga ko‘ringay dilbar diyorim.
Go‘dak nafasidek yupatar yuzni
Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim.

Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,
Mayli o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.
Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,
Umring shamollari muattar bo‘lsin...
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:07:44
* * *

HAR NECHUK...

Dunyoda har kimning bor o‘z matlabi,
Tuya so‘rab bo‘lmas echkiboqardan.
Pismiqdan faylasuf chiqmagan kabi,
Haqgo‘y ham chiqmaydi betgachopardan.

Kim o‘zar o‘ynasang toshbaqa bilan,
Bo‘yningga olursan unga tenglikni.
Dunyoning ishlari shunaqa ekan,
Har nechuk odat qil fe’li kenglikni.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:07:57
TURG‘UNBOY

Ish axtarib Turg‘unboy
Necha kunki sarsondir.
Omadining teskari
Yurishidan hayrondir.

Yo‘qsa, bajo qilingan
Barcha tartib-qoida!
Hujjatlari bir talay,
Propiska joyida.

Qayga borsa keling, deb
Xushnud qarshi olishar.
Lekin suhbat so‘ngida
O’ylanishib qolishar.

- Afsus, afsus, - deyishar,.
Tag‘in bir oz kutgaysiz,
Va’da bergan bo‘lsak gar
Bizni ma’zur tutgaysiz.

Ish axtarib Turg‘unboy
Necha kunki sarsondir.
Omadining teskari
Yurishidan hayrondir.

Turg‘unboyga shum taqdir
Sira shafqat qilmaydi.
Pora beray, der, ammo
Usulini bilmaydi.

Tik turgancha boshliqqa
Shikoyatin so‘zladi.
Ko‘rgan-kechirgan barcha
Hikoyatin so‘zladi.

Dedi: - Aybim nimadir,
Bilolmayin hayronman.
Shu mushkulning chorasin
Qilolmayin hayronman.

Boshliq uzoq o‘yladi,
Hujjatlarni varaqlab.
So‘ng xazina topganday
So‘z boshladi charaqlab:

- Hujjatlar-ku joyida,
Tuppa-tuzuk jismingiz.
Faqat bir gap: bizlarga
To‘g‘ri kelmas ismingiz.

Afsus, qayta qurishning
O’tmabsiz yo‘llarini.
Turg‘un ismi eslatar
Turg‘unlik yillarini.

Turg‘unboyning nogahon
Yorishdi o‘ksuk dili.
- Bor-yo‘q aybim shumi, - deb,
Kalomga keldi tili.

Dedi: - Nainki ismim,
Olamdan ham tonurman.
Ismim Turg‘unboy emas,
Mayli, Urg‘unboy bo‘lsin.

Urg‘unboyga munosib
Vazifani topdilar.
Turg‘unlikning yana bir
Sahifasin yopdilar.

Majlislarda endi u
Fursat poylab turadi.
Ur, desa bas, Urg‘unboy
Duch kelganni uradi.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:08:07
* * *

Bir vaqt boshoq edim, qirlarda o‘sdim,
So‘ng yaxlit don bo‘lib qo‘lingga tushdim...
Keyin-chi, tashlading tegirmonga sen,
Taftingda un bo‘lib turibman, do‘stim.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:08:16
BAXTLI ODAM

Tashvishga chulg‘anib qoldi bu yurak,
Tashvishlar ko‘paydi haddan ziyoda.
Beshigida yotgan go‘dakdan bo‘lak,
Tugal baxtli odam yo‘qdir dunyoda.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:08:26
MARD BO’LSANG

Qadimdan bir gapni uqdirar hayot:
Mard bo‘lsang, o‘z to‘g‘ri yo‘lingdan qolma.
O’ladigan bo‘lsang o‘z go‘ringda yot,
Birovning mozorin egallab olma.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:08:45
TAASSUROT

Tabiat kimga ko‘p yo oz beribdi,
Kimgadir xalacho‘p yo soz beribdi,
Vo ajab, mana bu mashshoq gadoyga
Tengi yo‘q shohona ovoz beribdi.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:08:54
* * *

Har gal ayyomlarni aylarman tavob
Garchand biri moddiy, o‘zgasi sarob
Sho‘rlik ona zamin birlikka zor-k
Unga talpinish ham, demak, zo‘r sav
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:09:03
* * *

Oqshomdan boshlangay odatda tongl
Sukutdan uzilgay gulduros, bonglar
Boshing egma sira, xoksor banda,
Erta ruhing topgay oliy ohanglar.
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:09:14
* * *

May asli pokdomon dilga arzirlik,
Zahmatkash, mehnatkash elga arzirlik
Bayram-ku, har kuni kelavermaydi.
Lekin zavqi qolar yilga arzirlik!
1987
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:09:24
UMR

Inson tug‘iladi asli belibos,
Bir parcha et bo‘lib kelar jahonga,
Libosu hashamdan bo‘lgay u xalos,
Ketar chog‘ida ham so‘nggi makonga.

Lekin o‘rtadagi umr-chi, umr...
O’chmas tamg‘a bo‘lib qolgay to abad.
Balki yog‘ar unga rahmat degan nur,
Balki ko‘mar uni malomat, nafrat.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:09:32
O’G‘LIM ILHOMJONGA

Umr o‘tayotir,
Hushyor bo‘l, bolam,
Endi qaqshayotir otang asabi.
Malol kelayotir hatto baytlar ham
Omoch tortayotgan qo‘sh ho‘kiz kabi.
Tashqarida sekin qoraymoqda kuz,
Barglarni zil havo kelmoqda bosib
Tomay-tomay degan tomchiday yulduz
Mening ruhiyamga g‘oyat munosib.
Nimani ko‘rdim men yorug‘ dunyoda,
Nahot shuncha og‘ir tiriklik ishi.
Dardim yetmaganday, undan ziyoda
Jajji opalaring cheksiz tashvishi
Yolg‘izlik, nadomat, og‘riq, xusumat
Umr yo‘llarimni burjga tiqdilar.
Taqirda o‘stirgan edim bir daraxt
Mevamni terdilar, so‘ngra yiqdilar
Charchoq yengayotir, unutma bolam,
Ehtiyot boq endi o‘ngu hushimga.
Orom olsam agar, niyat qil har dam
Yorug‘ kunlar kirsin mening tushimga.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:09:45
MALAK

Nechun o‘g‘irlading o‘yu fikrimni,
Nechun xayolimni aylading sarson.
Endi men bilmasman borar yerimni,
Endi tuyg‘ularim qoldi sargardon.

Seni ko‘rgandayman tushimda faqat,
Uchib o‘tgandaysan misoli yulduz.
Samoviy mo‘’jiza, ilohiy tal’at,
Tengi yo‘q bir malak, qoshlari qunduz.

Nasib etarmikan biror kun visol,
Nasib etarmikan tutmoq qo‘lingni.
Va yo noshud qolgan munajjim misol,
Poylab o‘tarmanmi qaytar yo‘lingni...
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:10:38
* * *

Soch ham to‘kilmoqda, omonatdir tish,
Izg‘irin yurakka urayotir nish,
Bahorim beto‘xtov qish tomon o‘tdi,
Yoz, kuzni qisqartdi mashaqqat, tashvi
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:10:48
BIZ

Biz avval ham yomon edik, hanuz yomonmiz,
Rahmon boqmas, iblis yoqmas sho‘rlik inson
So‘z so‘zlasak - mahmadona, jim tursak - so
Shu tariqa, na bug‘doymiz va na somonmiz.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:10:56
TARAQQIYOT

Hozir gadolar ham g‘oyat mukammal,
Ishni diplomatik yo‘ldan boshlaydi.
Egasidan u-bu so‘rashdan avval
Itiga, albatta, suyak tashlaydi.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:11:05
GAP BITTA

Parvo qilma, bo‘lmaganni bo‘ldiramiz,
Paymonasi to‘lmaganni to‘ldiramiz.
Bir zamonlar otar edik, osar edik,
Endi esa majlis qilib o‘ldiramiz.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:11:13
O’ZIMIZ

Sen bizni kechirgin, ey Navro‘zimiz,
G’aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Sho‘rpaxta bosamiz endi o‘zimiz.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:11:28
DO’RMONDA KUZ

Bog‘imda mushuklar qoldirgan edim,
Daydib ketibdilar bechoralarim.
Barglarin to‘kmoqda daraxtlar qadim,
U bilan to‘kilar ezgu dardlarim.

Senga salom deyman so‘ng bor, behijon
Endi yerga yotding, soyabonim barg.
Nechun o‘ksik qolding, chinor, jonajon
Bog‘larga nahotki keldi bodi marg.

Arg‘uvon gullardi bu yerda abad,
Bu yerda kuylardi azal bulbullar.
Qushlarim, siz bizni tark etmang minut
Tag‘in ochilingiz bizning ey, gullar.

Sira ko‘z tegmasin qizg‘in ulfatga,
Qishda ham yashnaylik samoviy oydek.
Sizni taklif etar she’riy suhbatga
Mirtemir, Shayxzoda, albatta, Oybek.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:11:42
QUSH TILI

1
Bo‘ron, sen sham uzra guvlayverma, bas,
Arslondek o‘kirib chekaverma sas.
Shamni o‘chirmoqlik juda ham oson,
Unga yetar bitta "œpuf" degan nafas.

2
Fe’lini kuzatib sodda bolamning,
Tashvishin o‘ylayman chigal olamning.
Soddalik yaxshi-ku, lekin ko‘pincha
Ishi yurisharkan qitmir odamning.

3
Qushlarning tilida faqat bir oyat,
U inson uchun ham ibratdir g‘oyat.
Qushlar der:. Iloyim, qafasga tushma,
Tushgan bo‘lsang gar, chiqqil nihoyat.

4
Bir hazil to‘qidim bugun senga deb,
Chaqaloq yig‘laydi nega .inga. deb.
Inga-inga. sining ma’nosi shulki,
Da’vo qilayotir .menga., .menga. deb.

5
Mayliga, raqibing bo‘lsin har nima,
Nazar sol hattoki yetti qat yerga,
Qiyos topilgaydir o‘tgan umrga:
Oltinga aylangan yaxshilar xoki,

7
Bir dono bazmining guvohi bo‘ldim,
Shodumon davrada o‘ynadim, kuldim.
Bazmining boisin so‘rasam, dedi:
- Bugun men nodondan qochib qutuldi

8
Azaliy haq gapni yashirmoq nechun
Zavol yo‘q eng asl iste’dod uchun.
Agarda koinot tegirmon bo‘lib,
Olamni yanchsa ham, qolgay u butun.

9
Eski alifboni dilga qilsang jo,
Mana bu hikmatni unutma aslo:
Egri niyatiyu yuvuqsiz qo‘lni
Sira yoqtirmaydi o‘sha alifbo.

10
Xalqim deb yugurar hovuchlab jonin,
Xalqiga bag‘ishlar shuhratin-shonin.
Lekin shu chopishda keta-ketguncha,
Tozalab boradi xalqning hamyonin.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:11:52
ENG QULAY JAVOB

- Bilaman, dunyoning bor baland-pasti,
Bularsiz yuksalish bo‘lmagay asti.
Lekin, ey faylasuf, menga javob ber,
Nechun yaxshilikning qisqadir dasti.

Xayoling behuda gap bilan banddir.
Eng oddiy jumboq ham senga kamanddir.
Mayli, qulog‘ingga aytay, ey shoir,
Chunki yomonlikning qo‘li balanddir.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:12:02
IRIM
(Hazil)

Kim nimani aylasa armon,
Qo‘msab kelgan o‘shani azal.
Ataganlar qizni O’g‘ilxon,
Bu - o‘g‘ilga ishora, masal.

Hozir mehr bulog‘i tindi,
Bu holni ham irimga yo‘ying.
Qizlaringiz tug‘ilsa endi,
Nomlarini Mehrixon qo‘ying.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:12:11
TOQAT

Bozordan tutoqib qaytar uyga chol,
Go‘sht qayda? Yog‘ qani? Va’da so‘zdami?
Kampiri xo‘rsinib yupatar darhol:
- O’kinmang, taqchillik faqat bizdami?

Yonboshlab gazeta varaqlaydi chol,
To‘polon chiqibdi zavod, Vuzdami.
Kampiri yupatar surgancha xayol:
- O’ylamang, janjal ham faqat bizdami?

Oqshom televizor ko‘rayotib chol
Birdan sapchib tushar. Esi o‘zdami?
- Davlatga tosh otdi kimdir bemalol
Kampiri yupatar: faqat bizdami?!

Toqatim toq bo‘ldi, deydi endi chol,
Toqat yurakdami? Toqat ko‘zdami?
Kampiri yer chizib shivirlar behol:
Chidang-da, toqat ham faqat bizdami?!
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:12:21
GO’ZALLIKNI YO’QLASH

Yuzlaringda ajin, sochlaringda oq,
Yelkangdan yuk bo‘lib bosibdi yillar.
Quralay ko‘zlarda tubsiz bir charchoq,
Bekor gap, kim desa: yoshdir ko‘ngillar.
Bir vaqtlar nomingni eshitgan zahot
Yonardik o‘t ketgan kabi to‘qayga.
O, hissiz tabiat, shafqatsiz hayot,
Shunday go‘zallikni bekitding qayga?
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:12:29
TASKIN

Atir hidi bilan borma mozorga,
Bormagin u tomon kiyinib bashang.
Alam qilar yotgan har bir xoksorga,
Ularning xo‘rligi oshadi, bilsang.

Axir ko‘ngillari ularning yarim,
Axir, aslo o‘lmas hayot degan o‘y.
Degil:. Havas qilmang, birodarlarim
Bir kun yoningizga kelurman, deb qo‘y.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:12:44
BU YO’LLAR

Bu yo‘llar xayoldek bilmas intiho,
Shoshilar o‘zining manzilotiga.
Bu yo‘llar eltadi na Makka, na yo
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga.

Bu yo‘llar dunyoni tinmay aylanib,
Intilar sirli bir ko‘ngil qulfiga.
Axiyri tasmadek qolar boylanib
Seningdek go‘zalning qora zulfiga.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:13:00
E’TIQOD
(Shu kunning rivoyati)

Mahshar yaqin qoldi,
Qiyomat yaqin,
Ota bilan o‘g‘il bir-biriga yov.
Samovot boshida chaqsa ham chaqin,
Hech kimsa hayiqmas, qo‘rqmaydi birov.

Og‘izda bol kabi turgan bu til ham
Zaharga aylangan, nishga aylangan.
Dilbarlar chashmini kuylagan qalam
Ko‘zlarni o‘yishga endi shaylangan.

O’g‘lim libosimni burdalab ketgan,
Tavba, deb ushlashga qolmagan yoqa.
Malomat pichog‘i suyakka yetgan,
Qalqonlar teshilgan, otlar betaqa..

O’t bosgan qabrning tepasida chol
G’arq bo‘lib turardi shundoq o‘ylarga.
Dam-badam o‘tmishga eltardi xayol,
Eltardi kurashlar, aza, to‘ylarga.

Qabrdan bir ovoz chiqdi-ku, shu choq,
Hazin va g‘azabnok, dardli, shiddatkor:
Mahshar yaqin emas, qiyomat uzoq,
Hamma balolarga o‘zingsan aybdor.

O’g‘lingga topilgay qilichu qalqon,
Taqalab bergaysan bir kun otini.
Sizlar chi, bir kun to‘q, bir kun yupun
Tashvishingiz yo‘qdir vujuddan bo‘lak

Tindi iztirobli qabrning sasi,
Nima bu? Ro‘yomi? Vasvasmi? Gumon?
Chol endi, ichiga tushib nafasi
Ketdi, uyigamas, raykomga tomon.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:13:21
MAYMUNIYAT

Turib-turib maymun bir kun boshin qashladi
Va maymuniy rejalarni tuza boshladi.
Dedi: - Shukr, o‘lib ketmish Gulxaniy bobo
Demak bizning davrimiz ham kelmish mutlaqo.
Krilov ham marhum emish allaqachonlar,
O’zimizga qolgan demak endi zamonlar.
Ne qilsak ham qo‘limizda inon-ixtiyor,
Bizning yo‘lni to‘solguvchi endi kim ham bor
Shundoq deya maymun shirin o‘ylarga bordi,
So‘ng tavakkal... shoirlikni boshlab yubordi
Maymunona fikrlardan nazm tizdi u,
O’rmon bo‘ylab kecha-kunduz izg‘ib kezdi u.
Qarasaki ishlar tuzuk, ilhomlar ravon,
Mushugini .pisht. demaydi, birorta hayvon
Madaniyat sohasida kerak bo‘lar der,
Uni bir kun qabul qildi hatto janob sher.
Siylandi u, ibrat uchun unvon berildi,
Maymun esa kerilgandan endi kerildi.
Hayvon zotin mensimayin qo‘ydi u butkul,
Biz maymunlar, deb boshlardi nutqini nuqul
Lablarida kamtarona bir mamnuniyat,
Derdi: - Olam gultojimiz biz maymuniyat,
Oh, insonlar. Qilolmasman ularga toqat.
Shu borada maymun chora izlardi faqat.
Oxir o‘ylab maymun topdi shundoq naqlni:
Insonlarning orasida Darvin, aqlli,
Toping uni. Ulug‘ olim bizni alqagan,
Gulxaniy ham, Krilov ham bizdan tarqagan.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:13:31
BOR GAP

Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Maysani toptamay o‘tmoqlik uchun.
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Farzanding gunohin yutmoqlik uchun.

Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Noravo Vatanni sevmoqlik uchun.
Qanchalik iroda, qancha kuch kerak,
Noraso elga so‘z demoqlik uchun.

Bularning baridan bo‘lmoq-chun xalos,
Ikki gaz arg‘amchi yetgaydir, xolos.
1988
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:13:40
TARAQQIYOT

Ovchilar maqtangan qadim zamonda
Bo‘za va nosvoyning kayfini surib:
- Falon yil, falon payt, falon dov
Eng katta olqorni olganman urib.

Eng yuksak cho‘qqini zabt etgan sayyoh
G‘urur bilan degan o‘lganga qadar:
- Aziz nabiralar, siz bilmaysiz, oh,
Men o‘sha cho‘qqida quchganman zafar.

Me’morlar ham yashar asrma-asr,
Ularning faxri ham shundan iborat:
- Men bunyod etganman eng yuksak qasr
Mening ijodimdir eng zo‘r imorat.

Taraqqiyot ekan, zamonlar kelib,
Orzu bosib ketdi butun olamni.
Hozir maqtanishar: - Qo‘yingiz biling
Men badnom qilganman eng zo‘r Odamni.
1989
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:13:51
BEGONALIK

Yoy o‘qi kamondan qochadi yiroq.
Tog‘lardan qochadi daryo va buloq.

Bulutlar bag‘ridan qochadi yomg‘ir,
Sukunatdan qochib shamollar sang‘ir.

Nafis chechaklarning xushbo‘y atri ham
G’unchalar qo‘ynidan qochar damodam.

Har to‘lqin bo‘shliqqa quchog‘in ochar,
Vahshiy qoyalarga bosh urib qochar.

Burgut panjasini yerdan uzgan on,
Tovushqon qochadi butazor tomon.

Ogoh bo‘lsang agar olam siridan
Dunyolar ham qochar biri-biridan.

Shu taxlit yashaydi buyuk koinot,
Manzilin topolmas idroksiz hayot.

Yiroq yiroq tushsa insondan inson,
Bu holning sharhiga ne deysan, ey jon!

Ona farzandiga quchog‘in ochsa,
Farzand-chi, onadan ming farsah qochsa.

Qochsa bir-biridan o‘g‘il ham padar,
Yodini unutgan telbalar qadar.

Qovushmasa insof, ezgulik, sabot,
Men buning sababin bilmasman, hayhot.

Tafakkur basharga garchi yalovdir,
Nechuk odam qavmi odamga yovdir.

Javob berar bunga na yer, na osmon,
Na Budda, Na Zardo‘sht, na Injil, Qur’on.

Endi bandalarga o‘zing qil shafqat,
Ey oliy joziba - Sirli Muhabbat!
1989
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:14:00
TOVLAMACHI KIMSALARGA

Har bir tashabbusning bor o‘z zamoni,
Yaxshi tomoniyu yomon tomoni.
Zamondan orqada qolib ketmay, deb
Shirkat tuzib olmish gala mo‘ltoni.

Ular ostonangda yotib olarlar,
O’ligin yelkangga ortib olarlar.
Tilagan narsasin bersang berding-ku,
Bermasang, ko‘plashib, tortib olarlar.
1989
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:14:10
SHOIR
(Hazil)

E’lon ossang agar biror shaharda,
Esi butun odam kerak deb shu on.
Taloto‘p bo‘lgandek ro‘zi mahsharda,
Yopirilib kelardi odamlar g‘ujg‘on.

E’lon ossang agar shaharda shu kun,
Jununvash, devona kimsaga doir.
Tarqab ketar edi qolganlar, butun,
Faqat qolar edi "œU men", - deb, shoir!..
1989
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:14:29
YOLG‘IZ ASKAR

Botir ko‘kragidan o‘q yedi bir kun,
Vo, orqam! - dediyu tortdi cho‘ng na’ra.
Yov taraf so‘radi: - Orqam, deb nechun
Oh chekding, ko‘ksingdan ochdik-ku yara.

Botir shivirladi: Men - yolg‘iz askar,
Yo‘qsa, ustimga ot sololmasdingiz.
Orqamda do‘stlarim bo‘lganda agar
Ko‘ksimni nishonga ololmasdingiz.
1989
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:14:41
OXIRAT

Nimadandir g‘ashdir ko‘ngillar,
Tikanakka burkanmish gullar.
Boqqa nogoh adashib kirsang,
G‘azab bilan sayrar bulbullar.

Qonga to‘lmish Mirrixning ko‘zi,
Ummonlarning sachraydi tuzi.
Allaqachon bol tommas tildan,
Shoirlarning zaqqumdir so‘zi.

Yo‘lga boqsang ko‘ringaydir jar,
Go‘daklarning tushida ajdar.
Tuni bo‘yi yigitlar bedor,
Yostiqlarin tagida xanjar.

Bilib bo‘lmas _ kimda bor imkon,
Olag‘ovur mahshardir zamon.
Ne qilarin bilmay hayratda
Dengiz kabi qalqir olomon.

Xabar bordir na do‘st, na yordan,
Na do‘stu yor, balki, diyordan.
Yolg‘iz Hazrat mehrob qoshida
Madad tilar parvardigordan.
1990
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:14:51
BAXTSIZ FARISHTA

Ma’sum farishtalar - go‘daklar bari
Bulutlar ustida uchib yuribdi.
Jannatning hayotbaxsh shabbodalari
Parquv qanotlarin yelpib turibdi.
Kunlari kechardi baxtli va shodon,
Abadiy rohatga barchasi noil.
Faqat bir farishta yashardi nolon,
Faqat bir farishta qayg‘uga moyil.
Sira yozilmasdi ko‘ngil chigili,
Munglig‘ ko‘zlarida dunyoviy alam.
Taskin berolmasdi behishtning guli,
Taftin bosolmasdi kavsar suvi ham.
Bir kun so‘radilar: - Ma’yussan nechun
Axir sen - begunoh, sen yaxlit savob!
Bolakay farishta uh tortdi uzun,
So‘ng sekin shivirlab, ayladi javob:
- Meni ota-onam ketgandi tashlab,
Do‘zaxda yonmoqda ular beomon.
Shul sabab g‘amginman, ko‘zimni yoshlab
Ularga tilayman shafqat va imon.
1990
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:15:00
YULDUZ QAZOSI

Qazo qildi ko‘kda bir yulduz,
Koinotda aza ochildi.
Uzoq-yaqin dunyolarning o‘z -
Ta’ziya toshlari sochildi.

Qora kiydi bir nafas quyosh,
Mung‘aygancha Oy qaltiradi.
Zuhra yulduz berolmay bardosh
Ko‘zlarida yosh yaltiradi.

Ular kimga dillarin yorar,
Cheksiz zulmat o‘ngu so‘lida.
Tobutni jim ko‘tarib borar
G‘uj bo‘lgancha Somon yo‘lida...
1990
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:15:15
YURAGIMNING TUBIDA BIR NOM

Yuragimning tubida bir nom,
Takrorlayman ohista:
Niyatingga yetib yur mudom,
Ko‘z tegmasin senga, Shohista.

Men shoirman, forig‘ qil aybdan,
Bayon etsam ko‘ngil maylini.
Ajab emas, Alisher g‘aybdan
Ko‘rgan bo‘lsa senda Laylini.

Ismin yozsa chaqnasin qalam,
Bosgan izing gullarga to‘lsin.
Seningdayin pariro‘y sanam
Bir Majnunga muborak bo‘lsin.

Yuragimning tubida bir nom,
Takrorlayman uni ohista.
Niyatingga yetib yur mudom,
Ko‘z tegmasin senga, Shohista.
1990
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:15:29
* * *

Turfa tuyg‘ularni xush ko‘rdim g‘oyat,
Dunyoning o‘zi ham rangin nihoyat!
Boqma ajablanib satrlarimga,
Baxtim rivoyatdir, g‘amim hikoyat...
1990
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:15:38
SABABLARI QIDIRILMOQDA

Odamlar och,
Kolbasa lekin
Kuchuklarga yedirilmoqda.
Sharh etamiz bu holni sekin:
Sabablari qidirilmoqda.
O’ldirmoqda aka-ukani,
Oilalar yemirilmoqda.
Sababini kim aytar, qani?
Sabablari qidirilmoqda.
Samolyotni opqochdi birov,
Norozilik bildirilmoqda.
Javobimiz tayyordir darrov:
Sabablari qidirilmoqda.
Yer yuzidan katta bir davlat
Shitob bilan sidirilmoqda.
Biz-chi majlis qilamiz faqat:
Sabablari qidirilmoqda.
1990
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:15:51
* * *

Dunyoning g‘alati yo‘rig‘iga boq,
Kimga aysh tashnayu kimga dor mushtoq
Lekin hammasidan ma’no bittadir:
Qurbon oldin ketar, jallod keyinroq.
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:15:59
* * *

Shudgorda qarg‘alar to‘dasin ko‘rsang,
Sira ajablanma, bo‘lma hangu mang.
Sen yerni ag‘darib, shudgor qilgan chog‘
Yuzaga chiqqandi qurtu chuvalchang.
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:16:10
* * *

Bahor! Sendan xushnud jami kor ahli
Xususan shod erur xoksor ahli.
Chunki tashrifingdan dil erib, zora,
Odamga o‘xshasa amaldor ahli.
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:16:18
* * *

Bolaga o‘xshaydi, deydilar xalqni,
Bu gapni aytganlar, ehtimol haqdir.
Lekin takrorlayman men ham bir haq
Axir, bolalarning o‘zi ham xalqdir.
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:16:29
* * *

Har gal ayyomlarni aylarman tavob,
Garchand biri moddiy, o‘zgasi sarob.
Sho‘rlik ona zamin birlikka zor-ku,
Unga talpinish ham, demak, zo‘r savob!
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:16:37
* * *

Tabiat kimga ko‘p yo oz beribdi,
Kimgadir xala cho‘p yo soz beribdi.
Vo ajab, mana bu mashshoq gadoyga,
Tengi yo‘q shohona ovoz beribdi.
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:16:45
* * *

Ranjima toleing kulmasa agar,
Inson borin ko‘rar, o‘lmasa agar.
Shoir ham ijoddan qolmagay aslo,
Nogoh paymonasi to‘lmasa agar.
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:17:00
* * *

Qah-qah urar bo‘lsam, vijdonimdan me
Mehnatim evazin so‘rab olurman.
Benaf o‘tgan damlar, men sizning uchun
Hayhot, qabrimga ham yig‘lab borurma
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:17:11
ERK HAQQI

Qadimiy bobo yurtim,
Qutlug‘ bo‘lsin yaloving,
O’ylay-o‘ylay tashlagan
Qadam muborak bo‘lsin.
Tag‘in gurillab yongay
O’chmagan qalb oloving,
Erk haqqiga ichilgan
Qasam muborak bo‘lsin.
Kimsaga yomonlikni
Ko‘rmagansan hech ravo,
Lekin shum qutqulardan
Chiqmadi sho‘rlik boshing,
Endi seni qo‘llasin
Zafar o‘zi doimo,
Safaring bexataru
Xizr bo‘lsin yo‘ldoshing.
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:17:29
FOJIA

Baxtlidir, o‘z davrin zavolin ko‘rmay
Yo‘qlikka ravona bo‘lolgan inson.
Baxtlidir, yanglishib ekkanin o‘rmay,
Shudgorin qaytadan boshlagan dehqon.

Mo‘ysafid jangchiga qarayman g‘amgin
Ko‘ksida nishonu ko‘cha-ko‘yda xor.
Unga na o‘tmishi berolgay taskin,
Va na kelajakdan zarra umid bor.

Nahot o‘tgan umr butkul havoyi,
Nahot ko‘rganlarin barchasi sarob.
Nahot yetmish to‘rt yil sig‘ingan joyi
Manfur manzil bo‘lsa, jirkanch va xarob.

Avliyo degani - yovuz jodugar,
Dohiy deganlari - kallakesar zot.
Nabirang o‘zingga tutsa og‘u gar,
Dardingni kimga ham degaysan, hayhot.

Shahid ketmasmidi o‘sha jang chog‘i
Fidoyi bir askar nomini olib.
Bugun na qalqon bor, na bor yarog‘i,
Mag‘lubdan sadaqa so‘raydi g‘olib.

Olamda fojia ko‘p erur, biroq,
Bunisin alami haddan ziyoda,
Oh, nechog‘ dahshatdir, tirik turgan cho
Umring oyoqosti bo‘lsa dunyoda...
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:17:40
HAYOT SABOQLARI

Ikki og‘a-ini yovlashdi bir kun,
Ikkovlon sig‘madi bitta makonga.
Nainki bir makon, tor bo‘ldi ochun,
Ketdi ikkisi ham ikki tomonga.

Oylar, yillar o‘tdi oradan qancha,
Axir bir-birlarin topdilar omon.
Titroq yelkalarga boshin qo‘ygancha
Ho‘ng-ho‘ng yig‘lashdilar go‘daklarsimon.

Xo‘sh, nima bo‘libdi, dersiz, albatta,
Kammi bu dunyoda ahil, noahil.
Lekin, nahot deyman, faqat kulfatda
Namoyon bo‘ladi muhabbat asl.

Anglamoq istayman bu holning sirin
Boqib atrofimga men gohi onlar.
Bunda ko‘rib tursa ular bir-birin
Balki yeb qo‘yardi allaqachonlar...
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:17:50
VAFO QILURMISAN, BAHORIM

Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin - nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yam-yashil qirlarni sog‘indim,
Chechakzor yerlarni sog‘indim,
U inja sirlarni sog‘indim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida - andadir.
Qxshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Intiqmiz do‘st bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan - tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
1991
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:18:01
(Turkum)
KA’BATULLOH

Hanuz biri ikki bo‘lmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bag‘ri xun, tolei kulmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Bir zamon uning ham bo‘lgan qudrati,
Dunyoni yoritgan zehni, fikrati.
Hatto qirg‘oqlarni buzgan shiddati,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Tegirmon toshidek aylandi taqdir,
Karvonlar to‘zg‘idi, sarbonlar so‘qir.
Bandi bo‘lgan edi ulug‘ yurt, axir,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Avj oldi ig‘voyu firib, razolat,
Yig‘ladi bir chetda yetim adolat.
Bormi saodatga, axir, kafolat,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Xor bo‘ldi Vatanda kimki ilmi bor,
Birovlar zar bilan topdi e’tibor.
Hiylagar ko‘paydi, ko‘paydi makkor,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Duch kelgan sanamga sig‘indik gohi,
Bizga keng ochildi Shayton dargohi.
Axir, nima edi elning gunohi,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Magar bo‘ri ekan odamga odam,
Bir-birin boshini yegay damodam
Haqiqat yo‘q joyda yashnagay yolg‘on,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Qay zamon odamlar bad fe’lin sezdim
Vafoli do‘st izlab dunyoni kezdim.
Topmadim, topmadim, baridan bezdim
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Qoshingda tiz cho‘kib turibman shu dam
Dilimda iltijo, qo‘limda qalam.
Shafqating ayama mendan ham, Egam,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh

Shukrona ayturman o‘zingga, yo Rabb,
Yuz burdik hidoyat yo‘liga qarab.
Haq degan yurtimning baxtini so‘rab
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:18:13
YO MUHAMMAD

Siz bashar farzandi, Abdulloh o‘g‘li,
Arab sahrosidek otashin, cho‘g‘li,
Payg‘ambar bo‘ldingiz, muzaffar tug‘li,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Alloh Rasuli, tengi yo‘q Inson,
Sizning yo‘lingizni yoritgay Qur’on,
Siz - Olam sarvari, Siz - nuri jahon,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Qiyomat ayyomi, Mahshar ayyomi,
Sizga nasib etsin Mahmud maqomi.
Mudom tilingizda ummatlar nomi,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Siz bilan olishdi mushriklar avval,
Bir nafas tinmadi jang ila jadal,
Rabbano qo‘lladi Sizni har mahal,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Sizning murodingiz hidoyat erur,
Sho‘rlik bandalarga inoyat erur,
Sizga ummat bo‘lmoq saodat erur,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Sizning ziyoratga kelmishdir jahon,
Siz bois Madina tun-kun charog‘on,
Quyosh ketmas bundan, oy boqar shodon,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Qabringiz qoshida turfa ummatlar,
Suvratlar boshqayu o‘zga Siyratlar,
Bari ham Allohdan kushoyish so‘rar,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Rahmdil Insonsiz, bag‘ri keng Rasul,
Barchaga yaxshilik tilaysiz nuqul,
Lekin kufr bilan kimlardir mashg‘ul
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Kimdir pok bo‘lgali ichadi qasam,
Lekin ichi qora, Shaytonga hamdam,
Ular Sizga faqat orttiradi g‘am,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Hazrat, so‘rang bizning gunohimizni,
Boshlang to‘g‘ri yo‘lga gumrohimizni.
Egamga yetkazing oh-vohimizni,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Dunyoda yaxshilar ko‘p hali, shukr,
Ular bor, yog‘ilar zamin uzra nur.
Ummatsiz yo‘q sizga halovat, huzur,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Keldim ziyoratga, ozurda jonman,
Ranju balolardan to‘ygan Insonman.
Sizning poyingizda gardman, to‘zonman.
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:18:22
TILANCHI BOLA

Ka’baning muqaddas namozgohida
Ming-minglab mo‘’minlar yukinmoqqa shay.
Saflar orasida gohi-gohida
Ko‘rinib qoladi bitta bolakay.

Kimdir uzatardi sadaqa - riyol,
Biroq ehsonga u qilmasdi ruju.
Qop-qora ko‘zida cheksiz mung, xayol,
Lablarida esa hazin, nim kulgu.

Jim boqar, ishlari go‘yo sarishta,
Faqat nigohida o‘tinch porlardi.
Mening nazarimda u bir farishta,
Mehru saxovatga unsiz chorlardi.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:18:31
ALLOH DARGOHI

Necha ming musulmon tunu kun bedor,
Ka’ba atrofini tinmay aylanar,
Barchasin murodi ilohiy diydor,
Sajdaga har biri har zum shaylanar.

Olam ummon bo‘lsa - girdobi shu joy
Olam osmon bo‘lsa - mehvari bunda.
Milyard martabali jahon, hoynahoy,
Kemadek qalqadi bitta to‘lqinda.

Yer uzra tariqday sochilgan inson,
Bir qushning oldiga kelib tizilmish
Abasdir bu joyda millat, irq, lison.
Zamin yo‘riqlari bunda buzilmish.

Bu joyning bor erur na Qorabog‘i,
Na O’zgan, na O’shu Farg‘onasi bor.
Allohning o‘zidir yolg‘iz charog‘i,
Charog‘ning hisobsiz parvonasi bor.

Hatto nafrat mushti bunda tugilgay,
Axir yagonadir bu yerda maqsad.
Sig‘insang - gunohing duv-duv to‘kilga
Iymonsiz bandaga yo‘q lekin shafqat.

Shunchalar mukammal Alloh dargohi,
Mag‘firat qil, deya dilni tig‘ladim.
Har yondan taralar mo‘minlar ohi,
To tongga qadarli yum-yum yig‘ladim.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:18:39
HASRAT

Qochgan ham, quvgan ham Allohim deydi
Qochgan ham, quvgan ham emasman, do‘stim.
Mening iztirobim shul Inson edi,
Insondan o‘zgani demasman, do‘stim.

Inson-chi, to hanuz yovuz va g‘addor,
Bir-birin tinimsiz tortadi chohga.
Bundayin qismatga ko‘nikmoq dushvor
Netay, hasratimni deyman Allohga.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:18:49
ONA

Ka’ba qopqasida turgan, ey posbon,
Avval onalarning ochgin yo‘llarin.
Onalar poyiga tiz cho‘k o‘shal on,
Tavof qil, ko‘zga surt, o‘pgin qo‘llarin.

Hojar onamizning nidosi sabab
Ka’bada ko‘z ochgan Obi Zam-zam ham.
Bir umr talpinmish onaga qarab,
Ne-ne payg‘ambarlar ko‘zlarida nam.

Qavmimni ranjitib qo‘ymayin, ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.
Onalar bag‘riga faqat beshik jo,
Hayotbaxsh allalar aytgan, muloyim.

Sho‘rlik odamzodning tolei uchun
Eng avval onalar qilsin ibodat.
Zora, gunohlardan pok bo‘lgay ochun,
Onalar o‘tinchi topib ijobat.

Ka’ba qopqasida turgan, ey posbon,
Avval onalarning ochgin yo‘llarin.
Onalar poyiga tiz cho‘k o‘shal on,
Tavof qil, ko‘zga surt, o‘pgin qo‘llarin
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:18:59
AROFAT

Arofat tog‘ining etaklarida
Ko‘rdim qiyomatning alomatlarin.
Hamma bir xil libos - ehrom sarida,
Qaytadan varaqlar umr daftarin.

Yo‘qdir birov bilan birovning ishi,
Ayqash-uyqash bo‘lmish yer bilan osmon.
Har kimning ichida dardi, tashvishi,
Shukrona aytmasang osiysan shu on.

Majruh boladan to munkillagan chol,
Labbayka, Alloh, deb qilar iltijo.
Kimdir tashnalikdan ingraydi behol,
Kimningdir hayoti shul yerda ado.

Namoz vaqti kelar, tumonat muslim
Sajdaga egilar, ko‘zda jiqqa yosh.
Men ham safim bilan tiz cho‘kaman jim,
Balki men ham qayta ko‘tarmasman bosh...

Qiyomat nima deb so‘rama endi,
Uning bir sahnasin ko‘rsatdi Alloh.
Sho‘r dengiz tonggacha qaynadi, tindi,
Sinovdan o‘tganim rost bo‘lsin, valloh!
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:19:08
HAYOT HAQIQATI

Umrning yarmini o‘tdik amallab,
Qolgan yarmiga ham podshodir xudo.
Faqat ayriliqdan asragin, yo Rabb
Do‘stu yoronlardan qilmagin judo.

G‘animlar makrini o‘ylasang agar
Dunyodan yashamay ketgan yaxshiroq.
Ba’zan dil uyingni aylar munavvar
Yetti yot begona yoqqan bir chiroq.

Muhtoj bo‘lganingda silaydi boshing
O’zi muhtoj bo‘lgan tanti mardumlar.
O’lim tilaganda tirik safdoshing,
Hayotga qaytarar seni marhumlar.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:19:16
HOJILAR

Halollik Islomda eng oliy matlab,
To‘g‘rilik Muslimning asl gultoji.
Bir kuni o‘rtada Shayton oralab,
Hojining hamyonin urdi-ku hoji.

Qaysi bir o‘lkadan kelgan keksa chol,
Bor-yo‘q bisotidan bo‘ldi mosuvo.
Ne qilsin? Chorasiz tura berdi lol,
Dilida shukrona, tilida duo.

O’g‘ri hoji esa mamnun ishidan,
Tinmayin sajdaga egilar boshi.
Nobakor bandaning bu qilmishidan
Badtarroq qoraydi Ka’baning toshi!
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:19:24
* * *

Ehrom kiyib olgan ikki musulmon
Bir-birin so‘kishib choy talashardi.
Asli bilmasdilar, shu zum ikkovlon
Do‘zaxning tubidan joy talashardi.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:19:34
* * *
Kezib bu shaharni balki horgaysan
Va lekin Allohga diling yorgaysan.
Adasha-adasha Makkani topding,
Endi adashsang gar qayga borgaysan.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:19:42
HOJI UKALARIM ANVAR VA XURSHIDGA

Do‘st bo‘lurmi bunchalar hamdam, inoq,
Bir pilikdan kuch olar ikki chiroq.
Oh, ahillik bor ekan o‘zbekda ham,
Ulg‘aying, turli yomon ko‘zdin yiroq.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:19:53
ASLIYAT

Bu yerga o‘g‘ri ham, to‘g‘ri ham kelar,
Poklanish har kimning muddaosidir.
Gunohu savobni har banda bilar,
Elning u shohidir yo gadosidir.

Hayotning oqimin to‘xtatish qiyin,
Hech kim ayri tushmas qorgan loyidan
Bir karra poklanib olgandan keyin
Ishlarin boshlaydi kelgan joyidan..
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:20:06
SHAYTON

La’natlab bo‘lsa ham, qarg‘ab bo‘lsa ham,
Har kun tilovatda aytilar nomi.
Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam,
Ochilgan har qadah uning ham jomi...

Deydilar, norasta go‘dakni hatto
Uyquda qitiqlab kuldirar emish.
Salgina g‘aflatda qolsang mabodo,
Qilmagan ishingni qildirar emish.

Shaytonning hunari chindan rang-barang,
Sallani paytava qilib o‘ratgay.
Agar sidqidildan ko‘rsatsa nayrang,
Nodonni shoh qilib, yurtni so‘ratgay.

Minoda Shaytonni qildik toshbo‘ron,
La’natga ko‘mildi badbaxt u lain.
Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton
Ming yillar chiqolmay yotmog‘i tayin.

Shodumon yo‘l oldik Vatanga qarab,
Shayton qoldi, deya chuqurda-chohda.
Manzilga qaytgandik, Shayton, vo ajab,
Bizni kutib oldi tayyoragohda.

Makka - Madina - Toshkent
1992 yil 25 may.16 iyun
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:20:15
HIKMAT SADOLARI

IBODAT

Dunyodan roziman dema hech qachon,
Desang ham, so‘ylagil sahroga, toqqa.
Chunki seni tinglab, kimdir o‘sha on.
Nega rozisan, deb tutgay so‘roqqa.

Dunyodan norizo bo‘lsang ham agar,
So‘z dema, bardosh qil azob, firoqqa.
Chunki seni tinglab, kimlardir batta
Nega, deb albatta, tutgay so‘roqqa.

Dunyo ishlariga boqma hech hayron,
Jimgina nazar sol ko‘hna bu korga.
Olis kechalari yolg‘iz qolgan on,
Dilingni och faqat Parvardigorga.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:20:24
JABROIL

Ul kuni Muhammad - xoksor banda,
Alloh nazariga bo‘lgandi noil.
Sokin hujrasida o‘ychan turganda
Tushdi huzuriga Hazrat Jabroil.

Avval Muhammadning ko‘ksini yorib,
Shaytoniy hislarni yulib tashladi.
So‘ng Iymon nuriga hikmatni qorib,
Muhammad ko‘ksiga joylay boshladi.

Dedi: - Qalq o‘rningdan endi, Muham
Rasulsan, yo‘l ko‘rsat jami insonga.
Noqis aqllarni hikmatga qarat,
Boshla osiylarni dinga iymonga.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:20:41
"œQUM FA ANZIR!"

Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Yota berma misoli tanbal.
Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Zimmangga ol kurashni dangal.

Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Oldindadir hali mashaqqat.
Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
O’tda yongay mushriklar albat.

Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Ayt, mo‘minlar bo‘lsinlar qoim.
Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Ulug‘lagin Rabbingni doim.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:20:59
HORDIQ

Arab sahrosida yo‘l yurib karvon,
Topdi bir manzilda qo‘nim va qaror.
Horg‘in Rasululloh - ozurda ul jon,
Hordiq chiqarmoqni qildi ixtiyor.

To‘shaksiz, taqirda yotdi yonboshlab,
Bamisli ochundan ko‘ngli qolgan qul.
Keldi sahobalar ko‘zlarin yoshlab:
- Hech qursa bo‘yrada yotingiz, Rasul.

Rasululloh dedi: - O’ylamang, aslo
Fanodan men rohat kutayotirman.
Bu dunyo daraxtning soyasi go‘yo,
Men undan ot minib o‘tayotirman.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:21:09
RO’ZA

Ramazon oyida, hayit chog‘ida,
Sumalak pishirdi ahli musulmon.
Unni qovurdilar zaytun yog‘ida,
Halim tayyorladi - kimda bor imkon.

Bahor keldi mana, qishdan chiqoldik,
Tergan rizq-ro‘ziga, ne’matga sharaf.
Tog‘dayin zahmatni axir yiqoldik,
Tabiatga sharaf, himmatga sharaf.

Ro‘zadan chiqqanlar, sizga ham rahmat
Qarzingiz sinovli saodat erur.
Rasululloh demish: - Sabr qil, ummat,
Mo‘minlik belgisi qanoat erur.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:21:34
HAJ

Necha cho‘llar oshib, daryolar oshib,
Bir kun kirib keldi Makkaga karvon
Dengizga yetishgan jilg‘adek shoshib,
Ummatlar yo‘l oldi Ka’baga tomon.

Ularning barchasi mo‘ysafid edi,
Asoga tayangan nuroniy boshlar.
Kimdir hayrat bilan ularga dedi:
- Hajga kelmaydimi sizlarning yoshlar.

Ummatlar deyishdi: - Haq yo‘li mushk
Aziyat chekkan-ku Payg‘ambarimiz.
Qutlug‘ bu safarga olgan chog‘i yo‘l,
Yosh-yosh yigit edik bizning barimiz.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:21:46
HAZRATI ODAM

Joylari osmonda bo‘lsa ham magar
Hazrati Odamga qiyindir g‘oyat.
O’ng yonga boqqanda ruhlari yayrar,
Chap yonga boqqanda o‘rtanar faqat.

Bir tomon jannatning fusunkor bog‘i,
U - rohat go‘shasi, yam-yashil makon.
Bir tomon do‘zaxdir, yo‘qdir adog‘i.
U yerda abadiy azob va fig‘on.

Quvnar, o‘ngga boqib Hazrati Odam,
Chap yonga boqqanda oshar nolasi.
Bir nasli jannatga noil bo‘lsa ham,
Do‘zaxda yonmoqda bitta bolasi.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:22:10
INSON

Oldiga kelganni qaytarmay yemoq
Aslida, aqli yo‘q hayvonning ishi.
Og‘izga kelganni qaytarmay demoq
Noqisu befahm, nodonning ishi.

Tavajjuh ayladi Tangri taolo,
Muqaddas sanaldi Inson degan nom.
Insonni e’tirof etmagan asno
Iblis ham quvildi Arshdan batamom.

Ko‘zingning o‘ngida o‘sgandek ekan,
Rabbim ham ogohdir har zum, har ishda
Ro‘zayu parhezda muddat bor, lekin
Hamisha hazar qil harom-harishdan.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:22:28
ONA

Kimdir savol berdi: - Aytgil, Muhammad,
Yolg‘iz sen Rasulsan butkul olamga.
Kimga ko‘p yaxshilik aylay, o‘zing ayt,
Ota-onamgami yoxud bolamga?

Rasul javob qildi: - Tingla, birodar,
Gapimni bir bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
O’ng avval onangga yaxshilik qilgil.

Bu hikmat sharhini o‘yladim uzoq .
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
Onadan tug‘ilgan payg‘ambarlar ham.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:22:54
FARZAND

Bir kuni ranjitdi otani farzand,
Ota o‘z uyidan bosh olib ketdi.
Lekin Alloh mehri bo‘lib sarbaland,
Ota Makkatulloh vasliga yetdi.

Ota fig‘on chekdi Ka’ba qoshida,
Go‘yo unut bo‘lgay alamlar bari.
Najot charx ursa ham garchand boshida,
Sira ketolmadi bir gapdan nari.

Ka’bani sig‘inar ekan keksa chol
Armonin oshkora aytdi olamga.
Dedi: - Ibodatim bo‘lsa ham uvol,
Faqat saodat ber o‘sha bolamga.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:23:30
DO’ZAXIYLAR

Yovlashdi bir kuni ikki musulmon,
Oradan adolat tamoman ko‘chdi,
Ular olishdilar uzoq, beomon,
Oqibat birining kallasi uchdi.

Kimdir payg‘ambardan so‘radi kelib:
- Ayo, Rasululloh, aylagil javob.
Hoynahoy, raqibin qonga g‘arq qilib,
Ul kas jahannamda tortgaydir azob?

Rasululloh dedi: - U ham va bu ham
Mahkum bo‘lg‘uvsidir do‘zax to‘riga.
Ikkov ham maydonga tushganlari dam
O’lim tilaganlar biri biriga.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:23:41
SAVOB

Dasti qisqalarni kamsitma zinhor,
Savobning kattayu kichigi bo‘lmas.
Kimningdir davlati behadu bisyor,
Va lekin baxildir, tolei kulmas.

Och qolgan go‘dakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi.
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.

Demishlar, savob ish ofatni to‘sib,
Ezgulik yo‘liga shaylangusidir.
Eng kichik himmat ham toychoqdek o‘sib,
Tulpordek savobga aylangusidir.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:23:50
BANDAGA SIG‘INMA

Hech qachon bandaga sig‘inma, banda,
Zulm qilsa agar, zolimga la’nat.
Bitta ruh yashaydi har bitta tanda,
Insonning avliyo bo‘lmog‘i g‘alat.

Garchi bu dunyoda bordir nodonlik,
Tafakkur, Aqlning koshonasi bor,
Qismatdan hech kimsa topmas omonlik
Oldinda ajalning ostonasi bor.

Sehrga nechog‘lik kaloming burma,
Lazizroq so‘z yo‘qdir So‘zidan ortiq.
Dunyoda do‘st izlab qancha yugurma,
Azizroq do‘st yo‘qdir O’zidan ortiq.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:24:03
MARHUMLAR SHA’NI

Marhumlar sha’niga yomon so‘z demoq
Makruhlik sanalmish azaldan-azal.
Ey, Inson, tanangga bir zum o‘ylab boq,
Kimlarni zabtiga olmabdi ajal.

Toshqin sel vahmini soy ko‘targaydir,
Hayotning zarbasin ko‘targay hayot.
Misli toy tepkisin toy ko‘targaydir,
Otning tepkisini ko‘targaydir ot.

Rasululloh demish: - Kim Haqqa yo‘ldosh,
Tiriklik qadrini u aziz etdi.
Marhumning ortidan ota ko‘rmang tosh,
Marhum ketadigan joyiga ketdi.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:24:13
HIDOYAT YO’LI

U senga ko‘rsatdi hidoyat yo‘lin,
Yurgil yo yurmassan, o‘zing bil, Inson
Balki sen tutgaysan Iblisning qo‘lin
Yaratgan Xoliqqa barchasi ayon.

Pishqirgan daryoning sohilida gar
Tashnayu zor qolsang, aybdorsan o‘zing
Boshingga nogahon balolar yog‘ar
Labingdan uchgan chog‘ jaholat so‘zing.

G‘oyibdan baxt kutib o‘ltirmoq nechun,
Dastingga kor berdi qalbingdagi yor.
Zaminda ko‘rgazgan qilmishing uchun
Osmonni malomat qilmog‘ing bekor.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:24:45
JON ACHCHIG‘I

Buloqdan suv ichdi hazrati Iso,
G’oyat totli edi bu obi hayot.
Suvni bir ko‘zaga quyganda ammo
Zaqqumga aylandi u o‘sha zahot.

Hayratga tushgaydir payg‘ambarlar ham,
Bu qanday sir erur? Ayon qil, yo Rabb!
Masiho nafasi yetishgani dam
Ko‘zadan bir ovoz chiqdi-ku titrab:

Ayo, shirin suving bo‘ldimi taxir,
Dema, bu tuz ta’mi, qon achchig‘idir.
Men ham Inson edim. Ko‘zaman hozir,
Suvni achchiq qilgan - jon achchig‘idir!
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:24:58
JINLAR

Jinlar bazm qilardi ovloqda, tunda,
Gulxan atrofida xurram, shodumon.
Bir botir suvoriy o‘tarkan, shunda
Bazmga nazari tushdi nogahon.

Botirni qopladi lahzalik titroq,
So‘ng gulxan ustiga ot soldi birdan,
Jinlar to‘zg‘ib ketdi, bittasi biroq,
So‘z qotdi, hayiqmay sira botirdan:

- Bundoq zug‘um qilma bizga, ey botir
Kimsaga bilmasdan bermagil ozor.
Jinlar ichida ham kofiri bordir,
Jinlar ichida ham musulmoni bor.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:25:11
SHOH VA GADO

Nogoh paydo bo‘ldi davrada gado,
Davra ahli esa shohlar edilar.
Ular taajjubda qolib shu asno,
Gadoga boqishib: - Kimsan? - dedilar.

Bir kun paydo bo‘ldi davrada podshoh,
Davra ahli esa gadolar edi.
Ular ham taajjub ichra banogoh: .
Podshoga boqishib: - Sen kimsan? - dedi.

G’aybdan sado keldi: - Tingla ey, banda,
Harchangga yaratgum yagona makon.
Bir-biring kamsitib qilma sharmanda,
Siylangan joyida azizdir inson.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:25:21
PAHLAVON

Bir suhbat chog‘ida Hazrat payg‘ambar
O’rtaga tashladi savol nogahon.
Aytdilar: - Zarurat tug‘ilsa magar
Kimni atardingiz asl pahlavon?

Sahobalar dedi: - Har kim doimo
Chekiga tushganni kelgandir olib.
Kurash maydoniga chiqqanda ammo,
Pahlavon sanalgay kim bo‘lsa g‘olib.

Rasululloh dedi: - Ko‘hnadir jahon,
Turfa xil kuch-qudrat bordir odamda.
Lekin o‘z jahlini yengolgan inson
Haqiqiy pahlavon erur olamda.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:25:30
EZGULIK

Bandani xillamoq nokasning ishi,
Atoyi Haq erur tus bilan zabon.
Insonni tanitgay faqat qilmishi,
Nasoron bo‘lsin u va yo musulmon.

Bir burda non so‘rab yig‘lasa go‘dak,
Diydangga kelmasa agar qatra yosh.
Masjidu cherkoving endi ne kerak,
Yaxshisi, yo‘qlikka olib ketgil bosh.

Axir Rasululloh demish-ku ul dam:
Hamisha saxovat yo‘lidan yurgil.
Mayizday qop-qora boshli habash ham
Yaxshi ish qilganda yonida turgil!
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:25:39
HASAD

Dunyoga kelganda Inson mukarram,
Qavmlar shodlikdan chuvvos soldilar.
Baxtiyor go‘dakka aylashib karam,
Albatta momiqqa o‘rab oldilar.

Oylar, yillar o‘tdi, o‘tdi ko‘p sana,
Go‘dak ham mo‘ysafid yoshiga yetdi.
Kuni bitganida ul banda yana
Bir parcha momiqqa o‘ralib ketdi.

Hasadgo‘y kimsalar - Iblisga hamkor
Momiqqa cho‘zdilar faqat qo‘llarin,
Egasin kafanga ayladilar zor,
Do‘zaxga burmoqchi bo‘ldi yo‘llarin.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:25:47
SHAMOL

Shamollar, shamollar, daydi shamollar,
Qaydan esganingiz bilolmay dog‘man.
Siz bilan chulg‘anur ne-ne xayollar,
Sizning qarshingizda sham yo charog‘man.

Arab sahrosidan esgan, ey samum,
Hovurding kimlarning tuyg‘ularini.
Shahidlar uchun goh bo‘lding tayammum,
Qumlarga dafn etding orzularini.

Shamol esganida hazrat Payg‘ambar
Mudom to‘lg‘anardi dilgir, betoqat.
Der edi: - Har qanday shamol muqarrar,
Yo hayot keltirgay yoki falokat.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:25:58
MAVHUM ZOT

Yurtga podshoh bo‘ldi bir kun musulmon
Bir osiy o‘sha kun musulmon bo‘ldi.
Yurtga podshoh bo‘ldi bir kun nasoron
Ul banda o‘sha kun nasoron bo‘ldi.

Toju taxt dunyoda aylanar payvast,
Shohlar goh darvishu xudparast bo‘ldi
Podshoh bo‘lganida yurtda butparast
Ul banda o‘sha chog‘ butparast bo‘ldi.

Shundoq yashadi u foniy hayotni,
U nayrang ko‘rgazdi hatto Xoliqqa.
Oxirat kunida, mavhum bul zotni
O’tqazib qo‘ydilar uchta qoziqqa.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:26:07
SEN KABI

Onangni otangga xatlab berganda,
Guvoh bo‘lmaganman ishongil, axir.
Boqursan, yuzingda quv zaharxanda,
Dunyoni go‘yoki men etdim taxir.

Bosgan qadamimdan chaqnamas olov,
Da’vo qilmasman hech abadiyatga.
Va qo‘rg‘on qurdimu na tutdim yalov,
Doim yo‘ldosh bo‘ldim oddiy niyatga.

Boshni ko‘p qotirma sen kimsan debon,
Kimning xesh, kimningdir andasidirman.
O’tkinchi dunyoda men ham bir mehmon,
Xudoning sen kabi bandasidirman.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:26:16
LAYLI VA MAJNUN

Har kimga hamrohdir hamisha qismat,
Kimdir boshin egar, kim ko‘ksin kerg
Rasululloh demish: - Allohdan faqat
Kim nima so‘rasa, o‘shani bergay.

Oyoq-qo‘lin bog‘lab Laylini bir kun
Olib kelishdilar Ka’baga tomon.
Layli xitob qildi: - Tavba ne uchun,
Majnunim bo‘lmasa tiyradir jahon.

Ibodat Majnunning navbati edi,
U ham oshkor etdi ko‘ngil maylini.
Ka’baga bosh urib turarkan, dedi:
Men sendan so‘rayman faqat Laylini
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:26:25
MUHABBAT

Har mo‘min dilida bir orzu faqat,
Har damda o‘yida Mahsharning kuni.
Alloh gunohlarin qilib mag‘firat,
Zora noil etsa jannatga uni.

Tunlari meni ham chulg‘aydi xayol,
O’zing yorlaqagin meni ham, yo Rabb.
Sening vasling garchi eng oliy visol,
Rahm etgil va lekin holimga qarab.

Mening ham tilagim ol inobatga,
Qovushtir orzular olami bilan.
Rasululloh demish: Kishi jannatga
Kirgaydir sevikli odami bilan.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:26:39
AZROIL

Badaviy shaklida kelib Azroil
Muhammadga dedi:. Joningni olgum.
Va lekin hurmatga ekansan noil,
Tila tilagingni, do‘st bo‘lib qolgum.

Muhammad to‘lg‘ondi o‘ngga-yu so‘lga,
Dedi:. Ishing ekan - ola qol jonni.
Roziman, iltifot aylab Rasulga,
Baxsh etib turibsan so‘nggi imkonni.

Yolg‘iz o‘tinchimni qaytarma minba’d,
Mayli, so‘ng tepamda ko‘ksingni kergil.
Ummatim jonini oson ol faqat,
Uning azobin ham o‘zimga bergil.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:26:47
HADIS

Bu ulug‘ dargohda mehmonman men ham,
Mening ham dilimda oshiqlar ohi.
Hadischi bobolar degandek u dam,
Tavbamni qabul et, o‘zing, Ilohi.

Ulg‘aydik va lekin oldda ko‘p gap bor,
Davra shamollari esib o‘tgaydir.
Inongum, e’tiqod o‘zi bo‘lib yor,
Bizning ham qo‘limiz bir kun tutgaydir.

Ibodat bor edi, u etgay davom,
Qirq bilan yopmasmiz bu uyning tomin.
Bizni tinglaganga hamisha salom,
Yana ko‘rishguncha sog‘ bo‘ling! Omin!

Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:27:00
QUL VA QUYOSH

Demasman, zulmatda mudom faryod qil,
Himmat nuri bilan dilni obod qil.
Rasululloh demish:. Oshma haddingdan,
Quyosh tutilganda qulni ozod qil!
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:27:12
DILOZOR

Bunchalar dilozor bo‘lmasang, kimsa,
Maqoming bandai mo‘min-ku axir?!
Kimdir jigarini tuproqqa ko‘msa
Holin so‘ramasang, toshmi bu bag‘ir?

Tepangda porlaydi oftob charog‘on,
Sen esa atrofni butkul tun deysan.
Kimningdir diliga cho‘ksa zimiston,
Sen uning holini yorug‘ kun deysan.

Bir mahal duch kelib sendek baloga,
Payg‘ambar oh chekmish, qalbi to‘la zor.
Rasululloh demish: hatto Musoga
Ummati bunchalik bermagan ozor.
1991-1992 yillar
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:27:27
O’ZBEKISTON DAVLATI

O’zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi chinakam,
Ushbu kunni, ayting-chi, qay birimiz kutmadik.
Zarur bo‘lgan chog‘da goh dor tagida turib ham,
Qay birimiz tarixning sinovidan o‘tmadik.
Dong‘il safarga chiqdi endi hur O’zbekiston,
Kimgadir oyoqosti, kimga u osmon bo‘ldi.
Shukrkim, o‘z-o‘zini tanidi keksa jahon,
Ya’ni o‘zbek Davlatin jumlai jahon bildi.

Ne-ne kamsituvlarni ko‘rgan shu boshim bilan,
Ona xalqim, qoshingda tizza bukib turibman.
O’zbekcha gapirganda, bir chuqum oshim bilan
Sadaqai baxting deb borim to‘kib turibman.

Garchi doim ungandir gulchechaklar bog‘imda,
Temur va Navoiyni eslaymiz takror-takror.
Men-ku uzoq yasharman, lekin ketar chog‘imda
Tepamda egilajak o‘z tug‘im - bayrog‘im bor!

Nasib etmish bu kunlar, taralsin yangroq unlar,
Do‘stlar bilar yonma-yon qutlaylik bu ayyomni.
Iloyo, boshimizga kelmasin qaro kunlar,
O’zbegim, deb ko‘taring, do‘stlarim, oltin jomni.
1992 yil, 4 mart
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:27:37
MUSOFIR

Burunni sassiq deb kesib bo‘lmaydi,
Siz meni tushuning, Abdullo aka.
O’zbekman, va lekin darbadar daydi,
Tasalli berolsa qaniydi Makka.

O’zbek deb ajratar Afg‘onga borsam,
Menga kelgindi deb qaraydi Arab.
Tinglovchi kimsa yo‘q dardimni yorsam,
Faqat ezilaman onamga qarab.

Garchi kamim yo‘qdir molu dunyodan,
Oshyoni omonat qushman aslida.
Yiroqman yurt degan mehrigiyodan,
G‘aribman umrimning qaynoq faslida.

Qo‘lda qurol bilan jang qildim men ham,
Afg‘on tuprog‘ini bosganida yov.
Hech qursa bir nafas, hech qursa bir dam,
Bosqinchi yo‘liga bo‘la oldim g‘ov.

Jangda inilarim bo‘ldilar shahid,
Yolg‘iz onam bilan qoldik ikkovlon.
Meni atadilar manfur mujohid
Shimol galalari makkor, beomon.

Jayhunning ortidan kelgan o‘zbegim,
Qurol ko‘tarmishdir o‘rtanib joni.
Bugun men olamga oshkora degum,
U ham sho‘rolarning bo‘ldi qurboni.

Menga qo‘li qon deb boqmang, akajon,
Ozodlik qadrini men ham bilganman.
Janglarda qay o‘zbek bergan bo‘lsa jon,
Uning qatorida men ham o‘lganman.
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:27:49
TURKISTON BOLALARIGA
(Mustaqilligimizning bir yilligi munosabati bilan)

Turkistonning bolalari, maqtovimga quloq tutmang,
Gina qilsam chidang, ammo gaplarimni hech unutmang.

Eng avvalo, shajarangiz qaydan chiqqan, bilib oling,
Siz ham bashar farzandisiz, Haqni bayroq qilib oling.

Men Temurdan so‘zlayinmi, so‘zlayinmi Navoiydan,
Barchasini o‘qigansiz, eshitgansiz yo roviydan.

Tarixingiz shundoq uzoq, jangu jadal desa ham bor,
Bosqin ham bor, toshqin ham bor, kasbu amal desa ham bor.

Bobur bo‘lib so‘radingiz qo‘ni-qo‘shni dunyolarni,
Mashrab bo‘lib kezdingiz goh qashqir yurmas sahrolarni.

O’t ketsin u qora kunga - birovlarga qul bo‘ldingiz,
Sharqu G‘arbning o‘rtasida oyoqosti yo‘l bo‘ldingiz.

Biroq iymon nuri doim oqib turgan qoningizda,
O’zingiz ham sezmagansiz, bir gavhar bor joningizda.

Ming-ming shukr, zamon kelib istiqbolga erishdingiz,
Xarob bo‘lgan xonadonni butlamoqqa kirishdingiz.

Hurlikniyu saodatni muborakbod etgum, lekin
Aytib qo‘yay, qulog‘ingiz bitgan ekan sekin-sekin.

Nazaringiz tushar avval zebi-ziynat dasturxonga,
Hanuz ta’zim qilmoqdasiz mol-dunyosi bor insonga.

Bo‘y-bastini ko‘rsatguvchi urfoni zo‘r millat qani,
Sizning uchun obro‘ - oltin, arzongarov shuhrat - ma’ni.

Yuragida javhari bor kimsalarni ko‘rmagaysiz,
Karnayi yo‘q bechoraning to‘yiga yo‘l burmagaysiz.

Har qadamga xushomadni o‘z o‘rniga qo‘yolsaydim,
Peshvolarning poylariga haftada qo‘y so‘yolsaydim,

Bo‘lmas edi mendan ulug‘, mendan aziz biror inson,
Oh, xalqimni ne ko‘ylarga solding zamon, solding zamon.

Turkistonning bog‘larida bulbullari bor, holbuki,
Xor bo‘lsa ham tog‘day baland ko‘ngillari bor, holbuki.

Birov u yon tortar bo‘lsa, birov bu yon tortayotir,
Qonsiragan jallodlarning shodliklari ortayotir.

Bilib bo‘lmas rost gap qayda, bilib bo‘lmas qayda yolg‘on,
Malomatga yo‘liqadi, elga: "œBirlash" degan inson.

Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
"œPuf" deganda to‘zg‘igudek mo‘’jazgina lolalari.

Chinor bo‘lib ildiz oting, qoya bo‘lib tiklangiz qad,
Ulug‘-ulug‘ ajdodlarning xavotiri Sizdan behad.

Soyangizda panoh topsin horib tolgan qondoshingiz,
Unutmangki, bul chamanda har bir yaproq jondoshingiz.

To‘qayzori bo‘lmasa gar sheru arslon qaydan unar,
Bir manzili bor ekanki, burgutlar ham kelib qo‘nar.

Oldindadir hali zahmat, oldindadir imkoningiz,
Osilmagan ne-ne Mashrab, otilmagan Cho‘lponingiz.

O’tinch ila hasratimni nasihat deb yuzga solmang,
Xudo insof bergan kuni barmog‘ingiz tishlab qolmang.

Muruvvatu ma’rifatdir buyuklikning nishonasi,
Qadam qo‘ying, mana sizga dong‘il yo‘lning ostonasi.

Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
"œPuf" deganda to‘zg‘igudek mo‘’jazgina lolalari...
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:27:59
* * *

Haq sevgay o‘ziga yor bandalarni,
Dilida iymoni bor bandalarni,
Takabbur boshlarni pastroqqa egsa,
Yuksakka ko‘targay xor bandalarni.

1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:28:10
* * *

Kimdir farzandiga derdi: - Ey, qo‘zim,
Jonu diling bilan eshit bul so‘zim.
Qachondir salomga alik olmasdim,
Endi bir alikka zordirman o‘zim.

1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:28:18
* * *

She’r, Farzand, Yaxshilik - misli polapon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Olamda qanchaki yomonlik bo‘lsa,
Yopirilib keldilar bari men tomon.

1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:28:30
SHOIR CHORIJON MARSIYASI

Har kim ham dunyodan o‘tadi.
U yo shoh, yo gado bo‘lmasin.
Qazoying qalbimni o‘rtadi,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin!..
Axir u eng avval insondir.
Qavmiga qadrli bir jondir.
Ustozi orzumand osmondir,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin.
Sen o‘ychan yurarding, Chorijon,
O’ylardim - ilhomga yori jon,
Aytmovding, yengibdi dard pinhon,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin.
G‘uzorning dashtida olamdek,
Armoning sochdi oq tolamdek,
Beg‘ubor eding bir bolamdek,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin...
She’riyat, hamrohsan biz ila,
Uyingda yuz berdi zilzila,
Bu ne hol, bahorda zilzila,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin.
Shoir xoh yoshdir, xoh qaridir,
Ijodi ajaldan naridir.
Alamdir, bari bir alamdir,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin!
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:28:41
SHAROF RASHIDOV XOTIRASIGA

Marhumlar hayotdan erurlar yiroq,
Demakki, yiroqlar xushomaddan ham.
Makru nayranglarin qo‘ymaydi biroq,
Toki hayot ekan Nobakor Odam.

Ularning turfa xil odatlari bor,
Avval ganjlarini ko‘mgay tuproqqa.
So‘ng birdan o‘zlarin his etib nochor,
Gavharim qayda deb tushgay titroqqa.

Dunyoda har kimga qismat yor emish,
Kimdir toj kiygaydir, kimlardir kuloh.
Go‘yoki Alisher sizga ham dermish:
"œSiyrating darveshu suvratingdir shoh".

Ezgulik niqobin yuziga tortgan
Manfur bir maydonda surgandingiz ot.
Kimdir o‘z padarin bir pulga sotgan,
Qo‘l-oyoq kishanda, talangan bisot.

O’ychan ko‘zingizda ne g‘am bor edi,
Kelajakmidi yo moziyning shoni?
O’zbek-ku, bir erkka intizor edi,
Sizni ado qildi ming bir armoni.

Erksevar ellarning orzusin yoqlab,
Xayol dengizida tunlar suzgansiz.
Istiqlol so‘zini yurakda saqlab,
Siz qafas ichida gullar tuzgansiz.

Shoirman, bo‘ynimda she’rning gunohi,
Sohibin asraydi Saltanat makkor.
Ochko‘z, amalparast kimsalar gohi
Adolat menman deb topgay e’tibor.

Ularning dastidan notinch el, zamon,
Tanimay qolursan oq-qorani ham.
Chalg‘itib kelganlar topganda imkon,
Hattoki Temuru Boyqaroni ham.

Odildir - kim elni boshlagan baxtga,
O’zi o‘tda yonib, yo‘lni ochganlar.
Lekin intilarkan toj ila taxtga,
Vo ajab, ko‘pincha dordan qochganlar.

Qulluq, Sharof ota, ming bora qulluq,
Boqiy O’zbekiston sizga ham yodgor.
Bugun u istiqlol shavqiga to‘liq,
Xizmatingiz eslar takror va takror.

Ilohi, har kimga bersinu to‘zim,
But bo‘lsin Vatanning metin qo‘rg‘oni.
Sizni qo‘llab turar O’zbegim - o‘zim,
Va, yurtning posboni - jasur o‘g‘loni!

Sulton bo‘lmasangiz, Sharof ota, gar,
Yashardingiz qalam qo‘ldoshi bo‘lib.
Poklikka, vafoga timsol muqarrar,
Xursanoy ayaning yo‘ldoshi bo‘lib.
1992 yil 2 noyabr
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:28:50
XALQ NAQLI

Xalq naqlni to‘qimaydi atayin,
Naqllarning umri fuzun bo‘ladi.
Mana, sizga bittasini aytayin:
Yaxshilik qil - tiling uzun bo‘ladi.

O’yga solar biroq boshqa bir jihat,
Yaxshilikni hunar qilgan elimiz.
Boshimizga yog‘ar tinmay malomat,
Ayting, qachon uzun bo‘lar tilimiz.
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:28:58
IKKI G‘ANIM

Qizlarning dushmani husni bo‘lsa gar,
Shoirning dushmani - iste’dodidir.
Ularning hayotin etguvchi zahar
Suq bilan hasadning istibdodidir.

Qizlarga suq bilan boqqan har kimsa,
Porloq yulduzlarga mengzab maqtaydi.
Shoir iste’dodin dushmani esa,
Uni oyoqosti qilib toptaydi.
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:29:11
MEN KIMGA SUYANGUM

Bir kun savol berdi yoshgina o‘g‘lon:
- Nechun Allohim deb yig‘laysiz nolon.
Dedim, javobimdan bo‘lmagin hayron,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Tinimsiz aldasa muhit, makoning,
Tortsa oyog‘ingdan do‘stu yoroning.
Shunday o‘tar bo‘lsa har zum, har oning,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Noshukur emasman dunyoda garchand,
Qaydadir menga ham bor balki dilband
Va lekin tiriklay kuydirsa farzand,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Insofu ishonch ham shirin so‘z bari,
Tiriklik toshqindir yoki ko‘pkari.
To hayot ekansan qochgaydir nari,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Shunchalar kaj erur dunyoi gardun,
Undan diyonatni axtarmoq nechun,
Padar shod o‘z o‘g‘lin bag‘rin etsa xun,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Mingta ko‘z poylaydi bitta joningni,
Joningmas, martabang, balki shoningni,
O’t qo‘ymay yoqarlar xonumoningni,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Bu ko‘hna dunyoda yashadim nega,
Yaydoq ot misoli bo‘ldim beega.
Malomat qilurman, olomon, senga:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Mendan ranjimasin bo‘lsa do‘st agar,
Balki ularning ham dilida kadar,
Hoynahoy mendaylar degay muqarrar:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Umr ham oxirlab bormoqda sekin,
Endi sarg‘aymoqda men ekkan ekin.
Mayli, sen o‘zingga suyangil, lekin,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:29:21
MULOQOT

- Baxtsizman, toleim kulmaydi,
Onajon, qoshingga ketayin.
- Ketganlar hech qaytib kelmaydi,
Bardosh qil deyman, oh, netayin.

- Ne uchun dunyoda tug‘ildim,
Bu qadar omadsiz, bechora.
- O’zim ham bir umr bo‘g‘ildim,
Bolajon, noiloj, nachora.

- Ne uchun yovuzdir odamlar,
Birovi toptaydi birini?
- Meni ham yedi-ku shu g‘amlar,
Bilmadim bu holning sirini.

- Insonga ishondim - xor bo‘ldim,
Sen deding - bir ishonch sabrdir.
- O’zim ham ishonchga zor bo‘ldim,
Oqibat topganim qabrdir.

- Bosh urib borarga yo‘qdir joy,
Onajon, qoshingga ketayin.
- Bolajon, horibsan hoynahoy,
Bardosh qil deyman, oh, netayin.

- Chorlasang, madadkor bo‘lolsang,
Visoling ruhimi shod etar.
- Sen ham gar yo‘qlikka yo‘l olsang,
Borliqda kim meni yod etar?!
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:29:30
O’ZBEK QOMUSI

Men bechora bir odamman,
Ertangi kunim,
Ne bo‘lishin bilmaydigan ojiz bandaman.
Yeru osmon o‘rtasida topmagan qo‘nim,
Botinimda botmon toshu zohir xandaman.

Yolg‘izlikning rutubatli ko‘chalarida,
Ne-ne oltin fasllarim o‘tdi junjikib.
She’riyatning tund qorong‘u ko‘chalarida
Yiroq-yiroq yulduzlarga boqdim entikib.

Ig‘vo, hasad, fitna bilan to‘lgan bu hayot,
Har onimda mingta etdi bir hasratimni.
Xira tuman orasida butkul koinot,
G‘ira-shira ilg‘ar edim mamlakatimni.

Eslar edim Buxoriyni, Yassaviyni ham,
Ha, ha, ayri tushmagandi xotirotimdan,
Faqat ular chalinardi ko‘zimga mubham,
Lekin sira ketmas edi xayolotimdan.

Ham Temurbek, ham Ulug‘bek, Alisher, Bobur,
Sizlar tuzgan ul saltanat - Saltanat bo‘ldi.
Ulug‘ tarix Turkistonga cho‘ng guvoh erur,
Davlat edik, davlat edik, u davlat bo‘ldi!

Emukdoshim, ay, qardoshim, quloq tut menga,
Ushbu ko‘hna kahkashonda mag‘rur tutgin bosh.
Sen zaminga loyiqdirsan, zamin ham senga,
Senikidir endi bu yer, seniki quyosh.

Qo‘lingda erk, boshda yalov, tilingda surud,
Vataning bor, bola-bog‘chang, or-nomusing bor.
O’zbekiston deb atalgan muqaddas hudud,
O’z Davlating, Mamlakating, o‘z Qomusing bor.
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:29:44
XALQNI ASRASANG

Hech kimsa devor bilan ajralganmas olamdan,
Vujudingga tutashdir tegrangdagi shu xilqat.
Yaxshilik qil hammaga, qaytajak o‘zingga ham,
Sen o‘zingni asraysan xalqni asrasang faqat.
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:29:53
ODAMIYLIK

Bir kun to‘kin bo‘lar yupqa dasturxon,
Zarbof bo‘lmasa ham kiygansan chopon,
Lekin odamlikni unutar bo‘lsang,
Ularning barchasi hayf senga, inson!
1992
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:30:09
ECHKI

Hammaga ma’lumdir echkining fe’li,
Qozonga tushguncha tinch tura olmas.
Doim egri bo‘lgay tanlagan yo‘li,
Hunar ko‘rsatmasa jim yura olmas.

Goho nihollarni g‘ajiydi obdon,
Cho‘pon tayog‘iga teginar goho.
Suruvni jarlikka boshlar nogahon,
O’zi chetlab o‘tar xatarni ammo.

Bir kuni echkining g‘ayrati qo‘zib,
Baland bir qoyaning uchiga chiqdi.
Boqdi bulutlarga ko‘zini suzib,
Yuksaklik zavqini surdi, miriqdi.

Tog‘larga to‘shaldi qorayib oqshom,
Endi qaytib tushmoq kerak-ku axir.
Izg‘irin boshlandi, yo‘qoldi orom,
Na giyoh, na suv bor, qoya tap-taqir.

Qandoq chiqdi u yon, o‘zi ham bilmas,
Qaytib tushmoqlikka topmadi chora.
Eng yuksak qoyaning ustida xullas,
Mung‘ayib bir o‘zi qoldi bechora.

Endi madad so‘rab ma’ray boshladi,
Osmonu falakni ko‘tarib boshga.
Bizning tilda aytsak, ko‘zin yoshladi,
Omad boshqa dedi, falokat boshqa.

Tongda nazar soldi qoyaga cho‘pon,
Echki haykal yanglig‘ qotgancha turar.
Yurakni ezgudek ma’raydi nolon,
O’ziga beto‘xtov himoya so‘rar.

Cho‘pon ham chiqolmas bundoq qoyaga,
U ham noilojdan boshin qashladi.
Fursatni ketkazmay deya zoega,
Qutqazish yo‘lini izlay boshladi.

Bir bora qaynaydi har holda qozon,
Suruv ro‘yxatidan uni o‘chirdi,
Darhol o‘qladi-yu miltig‘in cho‘pon,
Echkini qoyadan urib tushirdi.
1993
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:30:22
QORAQALPOG‘IM

Men o‘zbek, sen esa qoraqalpoqsan,
Turklar dunyosida sen ham urvoqsan,
Gar men tuproq bo‘lsam, sen ham tuproqsan,
O’zbekka azaliy qarindosh, inim.

Orol bo‘ylarida topganding orom,
Sholi, baliq edi senga rizqu kom,
Nahot endi yo‘qdir to‘lg‘izilgan jom,
Nahot qolding yolg‘iz, ko‘zda yosh, inim.

Mana - bu Ibroyim, Tulebbergan bu,
Qoraqalpoq baxtin tilab yurgan bu,
Yaratgandan haqqin so‘rab turgan bu,
Iloyo boshginang bo‘lsin tosh, inim.

Seni qo‘llab turar ulug‘ mamlakat,
Yurtboshi yaxshilik tilaydi faqat,
Niyating hamisha bo‘lsin ijobat,
Ham yo‘ldosh, ham qo‘ldosh, ham sirdosh inim.

Umidvor yashaymiz doril zamonda,
Birimiz Nukusda yoki Qo‘qonda,
Umuman aytganda O’zbekistonda,
Senga bo‘lajakmiz ko‘zu qosh, inim.
1993
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:30:47
O’ZBEKISTONIM, SENGA

Aylayin qalbimni tortiq nurli bo‘stonim, senga,
Sen vatandirsan, fidodir tanda bu jonim senga.

Bebahosan, asragayman gavharim, deb men seni,
Sen qarog‘ bo‘lsang agarda, sadqa mujgonim senga.

Sendan ayru dam uzundir, lahzalar ham yilga teng,
Bir umrga lek barobardir kerak onim senga.

Har bir ahling bitta yulduz, kavkabistonim o‘zing,
To hayotdirman, charog‘im, shu’layi shonim senga.

Yoru do‘stlar jam bo‘libdir, to‘y qilur o‘zbek elim,
Men degayman xush kelibsan, do‘stu mehmonim, senga.

Xizmatingga shay erurman, mehnatingda ham o‘zim,
Baxtiyorman, sarf etolsam borki imkonim senga.

Dilda borim sen uchundir, qo‘lda torim sen uchun,
Qayda bo‘lsam talpinurman, O’zbekistonim, senga.
1993
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:30:56
LO’TTIBOZ

Ne-ne balolarga goho tutildim,
Ko‘pidan, inshoolloh, endi qutuldim.

Boshimga tushdi goh muhtojlik, kulfat,
Bariga ko‘nikib ketdim oqibat.

Tutqin eta oldi na shuhrat, na g‘am,
Qutuldim behuda orzulardan ham.

Bir zamon qolganda chorasiz, yakka,
Dard xuruj qilgandi o‘ksik yurakka.

Necha oy yo‘l qarab, to‘shakband bo‘ldim,
Shukrkim, darddan ham oxir qutuldim.

Toki, g‘olib ekan bosqinchi zoti,
Qafasda o‘tgaydir xalqning hayoti.

Vatan ozod bo‘ldi, nash’aga to‘ldim,
Demak, kishanlardan men ham qutuldim.

Ammo bir kasofat qiynaydi hamon,
Unga bas kelolur na vaqt, na zamon.

Uni daf’atan-da tutib ham bo‘lmas,
Va lekin aylanib, o‘tib ham bo‘lmas.

Qutuldim necha qish, necha yozlardan,
Faqat qutulmadim lo‘ttibozlardan.

Dargohing buncha keng, oh, Parvardigor,
Sening marhamating bisyordan-bisyor.

Yaxshisi, o‘g‘lingga tezlikda sim qoq,
Degil: Kelmasang gar, oq qilaman, oq!

Magar shoir bo‘lsang g‘azal yoz, yoz fard,
Lekin topilmaydi o‘qiydigan mard.

Ijro et she’ringni o‘zing baralla,
Degil: qotiribman, uh, barakalla!

Nabirang ko‘ngliga izlasang kalit,
Bir juft chaqich beru o‘zingni tanit.

Ulfat izlamagin ko‘cha yuzidan,
Hozir hamma ketgan pulning izidan.

Nihoyat qartayib, horib tolgaysan,
Barcha tashabbusni qo‘lga olgaysan.

Bir kun tramvayga chiqsang hoynahoy,
Senga biror kimsa bo‘shatmagay joy.

Xoli o‘rindiqqa tushsa gar ko‘zing,
O’tiring, domla! - de o‘zingga o‘zing.

Kimlardir tortmasin, tashvish, jabringni,
Albatta, qazdirib qo‘ygin qabringni.

Bir juft so‘z o‘ydirgin marmar toshga ham:
- Bu yerda yotibdi Eng Yaxshi Odam!.

Axir tirigingda yo‘qlashmadi, bas,
O’lganingdan so‘ng ham hech kim eslamas.

Xullas, yo‘qolmagay mehru oqibat,
Buning chorasini izla, top faqat.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:31:11
MEHRU OQIBAT HAQIDA BALLADA

Dema ko‘tarildi mehru oqibat,
Birgina chora bor bunday chog‘ faqat.

Toki tanangda jon, og‘zingda so‘zing,
Endi xabar olgin o‘zingdan o‘zing.

Xotin nonushtaga olib kirsa choy,
O’zingni taklif qil: - Ich, falonchiboy!

Tongda ishxonangga qo‘ysang gar qadam,
Jumladan, salom ber o‘z-o‘zingga ham.

Ilgakka paltongni hurmat bilan os,
Ko‘rsat o‘zingga ham sadoqat, ixlos.

Odatda bir kimsa ishga bo‘lar g‘ov,
Hayfsan e’lon qilgin o‘zingga darrov.

Balki yo‘l olarsan uzoq safarga,
Yiroq qishloqqami, olis shaharga,

Hol so‘rab dadangdan, tuqqan onangdan,
O’zingga maktub yoz borgan joyingdan.

Dema, ko‘tarildi mehru oqibat,
Buning chorasi bor, izla, top faqat.

Tug‘ilgan kuningni balki bilarsan,
O’zingga nimadir sovg‘a qilarsan.

Nogoh tushib qolsang kasalxonaga,
Ko‘z tikkil na do‘stu na begonaga.

Mushrik bandalaring nahot oz senga,
Nechun zarur bo‘ldi lo‘ttiboz senga.

Uning ham odamdek bor yuzi, ko‘zi,
Lekin aldab ketar kuppa-kunduzi.

Manfaat bo‘lsa bas, qaytmas balodan,
Quruq chiqa berar cho‘ksa, daryodan.

Uning do‘ppisini bunga kiygizar,
Qisir sigirni ham hatto iygizar.

Uning jinsi yo‘qdir, yo‘qdir millati,
Umumbashariydir, ya’ni illati.

Qaraysan, bir go‘zal turar, aylab noz,
Botiniga boqsang, afsus, lo‘ttiboz.

Mana bu janob-chi, jilmayar mamnun,
Aslida libosga o‘ralgan maymun.

Rizqing but bo‘lsin deb chekkandim nola,
Qay kun aldab ketdi bir cho‘loq bola.

Lo‘ttiboz oshnodir ishi bitguncha,
Eshagi kechuvdan toki o‘tguncha.

Iloho, olamda o‘zingsan eng sof,
Bergil ularga ham diyonat, insof.

Qancha sinoving bor, solgin boshimga,
Ularni yuborma hargiz qoshimga.

Mayli, do‘zaxingda qiyna, o‘tda yoq,
Meni lo‘ttibozga duch qilma biroq.
1993
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:31:19
TELEFON DAFTARI

Sira ajab emas,
Shomdan to sahar
O’nlab daftarlarga ko‘milib qolsam.
Telefon daftari -
Lekin, bu daftar...
Yuragim bezillar, qo‘limga olsam.

Unda qancha-qancha do‘stu qadrdon,
Tanish-notanishning nomlari bordir.
Biri Inson edi, to hanuz Inson,
Boshqasi, afsuski iblisga yordir.

Biri boyib ketgan, quv, izzattalab,
Balki o‘zgartirgan eski raqamin.
Birovi, ko‘zimning yog‘ini yalab,
Mendan allaqachon uzgan qadamin.

Biroviga esa yoqmabdi mansab,
Atrofin yaltoqi zotlar o‘rabdi.
Qay kuni qirq yillik do‘stiga qarab,
Isming nima edi, - deya so‘rabdi.

Manovi kamtarin, yo‘qsil tanishim,
Ko‘ngli o‘smasmidi bitta so‘zimdan.
Men ham o‘zgardimmi? Mo‘lmi yo ishim?
Bir bor yo‘qlamabman. Gina o‘zimdan...

Fojia emasdir bu gaplar zinhor,
Balki qay birini tuzatsa bo‘lar.
Lekin daftar ichra qator va qator,
Marhum do‘stlarimning nomlari turar.

O, mening qalbi pok birodarlarim,
Qoningiz ne uchun bemahal tindi.
Siz yo‘qsiz - men uchun davralar yarim,
Kunim kimlargadir qolmishdir endi.

Ha, nomard bo‘lsa ham shirin shu hayot,
Ha, zaqqum bo‘lsa ham g‘animat zumlar.
Bilaman, ortiga qaytmas koinot,
Bilaman, tirilib kelmas marhumlar.

Balki o‘chirsammi nomlarin? Aslo!
Cho‘chiyman, o‘zimdan dakki yeganday.
Ular, raqamlarin tersam mabodo,
Yulduzlar ortidan "œLabbay" deganday.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:31:32
SHARQ HIKMATI

Taxtga talpinasan g‘azabga to‘lib,
Chiqarmoq bo‘lasan olamshumul chang.
Har oyna ko‘targan Iskandar bo‘lib,
Temur sanalmagay har qandayin lang.

O’zbekning davlati qaror topgan chog‘,
Maymunjon terardi qaysi bir nasling.
O’z yurting sha’niga tushirmagin dog‘,
Axir odam erur sening ham asling.

Har kim shoh bo‘lay der ilojin topsa,
Uringay, tarixga kelsa ham malol.
Falak chappa ketib, omading chopsa,
Sharqning bir hikmatin yaxshi anglab ol:

Podshoh deganlari kunu tun bedor,
Xalqining mehribon doyasi bo‘lur.
Bejiz aytmaganlar, asl hukmdor,
Xudoning yerdagi soyasi bo‘lur.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:31:42
MAYNA

Bog‘ning qiy-chuviga quloq tutaman,
Bu yerda turfa xil qushlar aylanar.
Sa’va-yu qaldirg‘och - o‘zi bir jahon,
Va lekin ko‘payib ketmish maynalar.

Bunday olg‘ir qushni ko‘rmaganman hech,
Bir cho‘qib o‘n qarar - tegar joningga.
Unga farqi yo‘qdir: kunduzmi yo kech,
Dangal sherik bo‘lar dasturxoningga.

Yurishini ko‘rsang, olifta, satang,
Balki sepib olgan farang atrini.
Musicha o‘zini eplaydi arang,
U-chi, yerga urmas sira qadrini.

Ayni pishgan chog‘i bog‘ingda kishmish,
Egalik qiladi ekkanday o‘zi.
Yaxshiyam yo‘q unda o‘ttiz ikki tish,
Yaxshiyam hamyonni poylamas ko‘zi.

Ulgursa yer yuzin aylardi taqir,
So‘ngra bir-birin yeb, topardi barham.
Dunyoda insofli qushlar ko‘p axir,
Ular soyasida yashar mayna ham.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:31:55
YAXSHILIK VA YOMONLIK

El aro yuradi bir naql,
Xalq uni takrorlab aytadi.
Kimsaga yomonlik qilmagil,
Bir kuni o‘zingga qaytadi.

Darvoqe, pand bersang bir jonga,
U ham tinch turarmi hech zamon.
Deydilar, tuflasang osmonga
Yuzingga tushgaydir begumon.

Yaxshilik qilsang-chi, sen, biroq,
Qaytarmi u senga? Bu mubham...
Boshini silasang gohi choq
Qo‘lingni tishlaydi iting ham.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:32:05
DUNYO

Bir kimsa umrining so‘ngiga qadar,
Yig‘di molu dunyo, yig‘di siymu zar.

Uni qiziqtirdi na do‘stning holi,
Va na qo‘shnisining o‘ksik ahvoli.

U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib o‘tdi.

Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin ko‘tarib keldi-ku ajal.

Endi na siymu zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.

Rozi yo norizo - farqi yo‘q mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto do‘st-o‘rtoq.

Beshafqat ajalga berar ekan tan,
U dedi: "œShu ekan, dunyo shu ekan".

Marhumga marhumlik ko‘rilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.

Uyum tuproq bo‘ldi quvonchi-g‘ami,
Kimdir boqib dedi: "œShunga shunchami"...
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:32:17
* * *

Paydo bo‘lganida zamin bir zamon,
Avval yaralgandir daraxt va hayvon.
Bul ikki soddani aldamoq uchun
Aqlini pesh qilib chiqqan so‘ng Inson.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:32:27
* * *

Odatda ulfatlar bo‘lishganda jam,
Qizishib deydilar: dunyo - biri kam.
Ajib bir ziddiyat: oxirgi qadah,
Ortiq bo‘lganini o‘ylamas hech ham.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:32:40
* * *

Bir yo‘l chekkasida yotibman nolon,
Chorasiz bo‘lsam-da, men ham tirik jon.
Ustimga otingning soyasi tushdi,
Jilovini nari tortsang-chi, nodon.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:32:50
* * *

Balki chaman bo‘lar dashti Karbalo,
Balki, behisht mavjud yulduzlar aro.
Mening O’zbekiston - Vatanim bordir,
Ularning baridan a’loroq, a’lo!
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:33:02
VATAN

Agar do‘stlar erur sodiq bir-birin qiyratib bo‘lmas,
Agar qilg‘il necha fitna alarni ayratib bo‘lmas.
Demishlar: moru qushni bir qafasda asratib bo‘lmas,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Vatan deb men bayon qildim, ayo do‘stlar, muxammasni,
Vatanni kim ulug‘ bildi, aziz bildim men ul kasni.
Vatan deb jo‘sh urar ersa ko‘targum boshima xasni,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Nadomat birla boqg‘ayman vatansizlarga har doim,
Egib boshini zor yig‘lar, agarchi davlati qoyim,
Faqir bo‘lsam-da bor yurtim - toju taxtim, borar joyim.
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Bobolar kechmishin hargiz faromush aylamang, do‘stlar,
Haqiqat tongi otganda ani tush aylamang, do‘stlar,
Agar kim e’tiqodsizdur, ani xush aylamang, do‘stlar,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Diyorim O’zbekistondur, ki andin iftixorim bor,
Demakkim, hur adolatlig‘, davlati barqarorim bor,
Onamdek mehribon, munis Vatan bor, g‘amguzorim bor,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Vatan, sen hur, yo‘ling shonli, qadamni tashlagin shaxdam,
Faxr-la boqg‘ay Abdullo, ko‘zida shodligidan nam
Panohingni tilab Haqdin dilida iltijo har dam,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:33:13
BUYUKLIK

Osmonu falakda mo’jaz yulduz - tosh
Mindi o‘z tabiiy tayyorasiga.
Rosa bo‘shliqlarda daydigach bebosh,
Urildi Mushtariy sayyorasiga.

Mushtariy degani oftob misoli
Fazo karvonida muhtasham nordir.
Ne kechdi u sho‘rlik yulduzning holi,
Vazni tog‘ qoshida zig‘ircha bordir.

Buyuklik qudratin sezmay yo sezib,
O’zi izlab topmish so‘nggi marrani.
Mushtariy samoda milyard yil kezib,
Axir axtarmagan o‘sha zarrani.

Taajjub qilaman, buyuklik asli,
Tanlagan yo‘lidan burilmas ekan.
Zarra buyuklikka urilgay, ammo,
Buyuklik zarraga urilmas ekan.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:33:25
DIL OG‘RIG‘I

Qo‘l og‘rig‘i bosilsa
Dil og‘rig‘i boshlanar.
Olis xotiralardan
Ko‘ngil tag‘in g‘ashlanar.

Sokin o‘tgan bir damni,
Eslolmayman, yo Rabbim.
Taqdir qo‘lida yoydek
Egilib borar qaddim.

Yaxshi bilan yomonni
Yetolmayin farqiga,
Faqat yo‘l izlab o‘tdim,
Muhabbatning arkiga.

Bir qarasam, paykondek
Umr uchib ketmishdir.
Bilmadim, u chaqin - o‘q
Qay manzilga yetmishdir.

Qaydadir intilganim .
Muhabbatim qayonda,
Balki men bu yonda-yu,
Qalbim esa u yonda.

Inson umri shul ekan .
Yo‘li to‘la nadomat.
Gar vaslingga yetkazsa
Kela qolgil, qiyomat.

Hayotimning ma’nosin
Bir nafasga qaytib ber.
Mayli, so‘ngra barchasin
Doston qilib aytib ber.

Mushkul ekan bu qadar
Ezgulikka yetishmoq.
Hayot-ku, bir chistondir,
Muhabbat ham topishmoq.

Qo‘l og‘rig‘i bosilsa
Dil og‘rig‘i boshlanar.
Olis xotiralardan
Ko‘ngil tag‘in g‘ashlanar.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:33:47
VIJDON

Jahon shoirlari vijdon haqida
Azaldan ming-minglab baytlar yozmishlar.
Vijdon-ku, aslida sobit aqida,
Kimlardir bu yo‘ldan goho ozmishlar.

Balki vijdon deya tinmay chekib oh,
Hayqirib yurmaydi har qanday odam.
Topilgay bobolar hikmatlarin goh,
Shunchaki nasihat deguvchilar ham.

Qay bitta narsaga muhtoj bo‘lsa gar,
Eng avval o‘shanga topingay inson.
Mayli, ummon qadar yo zarra qadar,
Har nechuk qalblarda bor bo‘lsin vijdon.

Magar ketar bo‘lsa vijdon bosh olib,
Iymon ham u bilan birga ko‘chgaydir.
Butkul mardu nomard tayanchsiz qolib,
Choh uzra chirpirak bo‘lib uchgaydir.

Devlar qutulgandek Sulaymon o‘lib,
Betizgin tuyg‘ular har yon yugurgay.
Qalb degan istehkom posbonsiz bo‘lib,
Eng avval nafs unga o‘zini urgay.

Haqiqat atalmish ravshan quyoshni,
Ochiq diydalarki, ilg‘amas ko‘rib.
Avliyo degaylar so‘qir avboshni,
Adolat o‘rnini egallar firib.

Ilojin topsalar har qanday onda
El-yurtni chalg‘itib qo‘yarlar oson.
Gar hakam bo‘lsalar biror maydonda,
Mag‘lubni g‘olib deb etarlar e’lon.

Kuppa-kunduz kuni kiprik qoqmasdan
Yolg‘on so‘zlay boshlar daholar hatto.
Kimlardir umrida bir sham yoqmasdan,
Mash’al bo‘lmoqlikni qilgaylar da’vo.

Vijdon ketgan joyda albatta bir kun,
Ilondek qo‘zg‘olur bo‘hton va tuhmat.
Bu yorug‘ olamda odamzod uchun
Bormikan ulardan ortiqroq kulfat.

Vijdonsiz kimsaga duch kelgan nafas
Kofir ham dod solgay: Asragil, yo Rabb!
Oddiy bismilloni bilmaydigan kas
Iltijo qilgaydir qiblaga qarab.

Vijdondan ayrilib qolgan fursatda
Boshlanar toj-taxtga ruju daf’atan.
Ne-ne zukko xalqlar qolib g‘aflatda,
To‘zg‘ib ketajakdir butun bir Vatan.

Ha, o‘zing yorlaqa, yaratgan egam,
Iblis yuraklarga qutqu solmasin.
Vijdondan mosuvo etmagin hech ham,
Toki u xotirot bo‘lib qolmasin.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:34:10
ERKINLIK

Egasi yo‘q tulporman,
Dala-dashtda kezguvchi.
Uchib yurgan shunqorman,
Har sharpani sezguvchi.

Qo‘lga tushsam tulpor deb
Ko‘pkariga solurlar,
Yo, bos, qani, shunqor deb
O’ljasini olurlar.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:34:38
SHUKUR BURHON

Azamat bir chinor,
Ayqirgan daryo.
Undan nariroqda salobatli tog‘.
Tepada poyonsiz haybatli samo,
Atrofda ufqqa tutash dala, bog‘.

Chinor soyasida ulug‘ mo‘ysafid
Sokin kuzatadi yeru osmonni.
U Shukur Burhondir, goho shu taxlit
Tasavvur qilaman O’zbekistonni.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:34:46
BOSHPANA

To hayot ekansan bu olam aro
Boshingga savdolar tushgay rang-barang.
Gohida shukr aylab sevinsang, goho
Juda ko‘p narsadan sovir hafsalang.

Yuragingni siqar ming bitta savol,
Do‘st deb bilganingning adovatlari.
Qiynar unutilish, mavhum istiqbol,
O’tgan yo‘llaringning nadomatlari.

Deysan nahot g‘olib dunyoda iblis,
Nahot yaxshilikning boshi doim xam.
Chulg‘ab olganida shundayin bir his,
Qayga qochar eding, bechora odam.

Faqat tabiat bor - ilohiy maskan,
Faqat o‘shanga sen bepisand boqma.
Loaqal uni sen tanigin, Inson,
Yolg‘iz boshpanangni o‘t qo‘yib yoqma.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:34:56
QAYSAR BOLA
(Qiziqchilar bisotidan)

Bor ekanu yo‘q ekan,
Bir bola bo‘lgan ekan.
Hammani sensirashni
U odat qilgan ekan.
Otani ham sen dermish,
Onani ham sen dermish.
Bir kun muallim unga
Shunday deb tanbeh bermish:
Sensiraysan hammani,
Shu jumladan meni ham.
Bunday xunuk odatni
Tashlagin endi, ukam.
Mening bir maslahatim
Natija berar balkim.
Siz deyman deb barchani
Yuz marta yozib kelgin.
Ertasiga bolakay
Vazifani bajarmish.
Aytganini yuz emas,
Ikki yuz bor qaytarmish.
Muallim shod: .Men senga,
Ha, ishongan edim-da..
Bola dermish: .Seni bir
Xursand qilay dedim-da..
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:35:04
* * *

Olamda hech narsa emas yagona,
Besh panjang misoli turfa zamona.
Agar bir oqilni uchratsang, bilki,
Unga to‘g‘ri kelgay yuzta devona.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:35:13
* * *

Paymonalar o‘z-o‘zidan to‘lgan emas,
Mangulik ham bir lahzada bo‘lgan emas.
Hoy raqibim, alay-balay dema menga,
Men o‘lmayman, chunki bobom o‘lgan emas.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:35:23
* * *

Ishlari ig‘vo-yu tuhmat va riyo,
Aldamchi, haromxo‘r, iymonsiz balo.
Agar ularni ham yaratgan bo‘lsang
Kimdan gina qilay endi, ey xudo.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:35:34
* * *

She’rim, aytgan so‘zim, ba hukmi zamon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Qalblarda tinch-totuv yasharmi ular,
Bozor iqtisodi bilan yonma-yon.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:35:43
BAYRAM

Toki tirik ekan dunyoda odam,
Unga hamroh erur goh shodlik, goh g‘am.
Ertang ne bo‘lishin bilmasman ammo,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Yordan ayri kechsa - har lahza abas,
Vafosiz do‘stni ham do‘stim dema, bas.
Keng jahon sen uchun bo‘lmasdan qafas,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Demagil, chopqirdir omadim manim,
Hech qachon belanmas loylarga sha’nim.
Ustingdan yozmasdan bir nomard g‘anim,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Oddiy narsalarni ko‘zga ilmay goh,
Olis yulduzlar deb chekamiz oh-voh.
Boshingni qotirmay yoningdagi moh,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Olamda bazmu aysh uchrar alomat,
Bemorga bormikan undan halovat.
Mayliga yovg‘on ich, lekin salomat,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Eng avval tinch bo‘lsin ko‘ksingda vijdon,
Tinch bo‘lsin elu yurt, Vatan jonajon.
G‘uborga chulg‘anmay shu yeru osmon,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Yashashning shavqin sur sira tolmasdan,
She’ring yoz, paysalga endi solmasdan.
Faqat qartayganda sevib qolmasdan,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:35:53
XOTIRA

Mag‘ribda yovuzlik ko‘targanda bosh,
Siz sodiq qoldingiz ezgu niyatga.
Yomg‘ir yopinchig‘u yostig‘ingiz tosh,
Qalqon bo‘loldingiz insoniyatga.

Ona yurt bag‘ridan juda ham yiroq,
O’zga manzillarda topshirdingiz jon.
Hanuz ko‘ksimizni tirnaydi firoq,
Garchi siz muzaffar, g‘olib, qahramon.

Garchi Vatan sizni hamisha yodlar,
Lekin armoningiz sig‘mas qabrga.
Hali tug‘ilmagan ne-ne zuryodlar,
Barchasi ketdilar siz bilan birga.

Zaminda charx urar ruhingiz bedor,
Qolgan tiriklarning tinchini o‘ylab.
Charx urar, Chotqolga termulgancha zor,
Qarshining bepoyon dashtlari bo‘ylab.

Ozod O’zbekiston bosh egib bu kun,
Shahid farzandlarin nomini yo‘qlar.
Qay biri bedarak, qay biri beun,
Uzoq sarhadlarda jimgina uxlar.

Manguga tinmishdir qalb tug‘yonlari,
Endi xotirangiz yo‘ldoshdir bizga.
Xalqimning fidoyi mard o‘g‘lonlari,
Allohning rahmati yog‘ilsin sizga.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:36:18
ADOLAT

Yo‘qsilga dedilar: Da’voyingdan kech,
Mana ol, siymu zar senga kafolat.
Yo‘qsil ular gapin tinglamadi hech,
Adolat, dedi u faqat, adolat!

Badavlat kimsaga berdilar savol,
Dedilar: Nima bor kuchliroq puldan?
U javob qaytardi: - Qo‘rqaman alhol,
Adolat axtargan o‘sha yo‘qsildan.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:36:34
XALQ

Hamma narsa o‘tadi, mansab, shonu shavkat ham,
Shirindan shirin qolur, talxdan esa qolur talx.
Bir kuni tuproq bo‘lur, tengsiz shamsi tal’at ham,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Gohida ko‘zda yoshu gohida xandon bo‘ldik,
Gohida bolg‘a bo‘lsak, gohida sandon bo‘ldik,
Axiyri kulib tole, sohibi davron bo‘ldik,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Nomingni qaro degan - paxtaginam, senmisan,
Lo‘ppi deya yutganim - laxtaginam, senmisan,
Avaxtada bosh urgan taxtaginam, senmisan?!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’zbekning peshonasin po‘latdan yaratmishdir,
Yumushini malomat, zahmatdan yaratmishdir,
Bir so‘z bilan aytganda - mehnatdan yaratmishdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Tinglasang tuganmaslik afsonasi bor bu el,
Sarkardasi, shoiri, taronasi bor bu el,
Ming oqilga arzirlik devonasi bor bu el,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Farishta emasdirmiz, ushbu gapim sir emas,
Har uchragan eshonu, har sallalik pir emas,
Lekin dasturxon haqqi, ko‘nglimiz hech kir emas,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Janggohlarda jon bergan bobolarni unutmang,
Moshoq terib non bergan momolarni unutmang.
E’tiqod, iymon bergan duolarni unutmang,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Amalparast, lo‘ttiboz bo‘lmagan qachon axir,
Sak bir nima yemasa og‘zi bo‘larmish taxir,
Bizning barchamiz shohmiz, bizning barchamiz faqir!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’tganlarni yod etmoq qolgandir shariatdan,
Inson sharafi yuksak millatu tariqatdan,
O’zbekka bul fazilat yuqmishdir tabiatdan.
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Olimmi yo paxtakor, kim bo‘lmasin - odamdir,
Ya’ni Alloh bandasi - har biri bir olamdir,
O’zbegim o‘z volidam, o‘zbegim o‘z otamdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Ayon gapki, adolat elning ko‘z, qoshi bo‘lur.
Urgani un oshi-yu, so‘ksa so‘k oshi bo‘lur,
Yurt og‘irin tortolgan asli yurt boshi bo‘lur,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Kattakon yo‘lga chiqding, yo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Farzandingman, qo‘llaysan, qo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Hasrating ko‘p dilingda, dildoshing bo‘lay, xalqim,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:37:43
BURGUT QISMATI

Quloqqa chalinar gohi-gohida
Shunday bir rivoyat, shunday bir o‘git:
Nochoru noiloj qolgan chog‘ida
O’zini toshlarga urarmish burgut.

Men senga iltijo qilurman, egam,
Agar-chi tilimda shukronang bisyor.
Mehringdan mosuvo etma meni ham,
Do‘stlarga zor etma, dushmanlarga xor.

Oqil bo‘lsa hamki, bo‘lsa-da nodon,
Roziman, beribsan farzand yaratib.
Qartaygan chog‘imda, tilanchisimon
Sen ular qo‘liga qo‘yma qaratib.

Kulbai vayronam yetar menga, bas,
Yashayman sabrning koshonasida.
Iloyo, bosh egib yurmayin besas
Takabbur zotlarning ostonasida.

Qarayman sarg‘aygan tund quyoshimga,
Sekin og‘ib borar umrning tuni.
Magar rahm etmasang, tushsin boshimga,
Mayli, o‘sha nochor burgutning kuni.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:37:54
ABDULLA QODIRIYNING SO’NGGI SABOG‘I

Biringiz Otabek, biringiz Kumush,
Doim yashnab tursin sevgingiz bog‘i.
Haqiqiy muhabbat bilmasin so‘lish,
Ustoz Qodiriyning bu ilk sabog‘i.

Adib yuragida alamlar qat-qat,
Lekin bittasi bor, o‘chmasdir dog‘i:
Jonni tik ozodlik yo‘lida faqat,
Bu esa ustozning so‘nggi sabog‘i.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:38:17
* * *

Dunyoda ajib bir hikmat mavjuddir:
Agar bo‘lmay desang baxtingdan judo,
Agar yashay desang rozi bir umr,
Vataning tinch bo‘lsin, Vatan avvalo.

Dunyoda ajib bir hikmat mavjuddir:
Agar bo‘lmay desang Vatandan judo,
Munosib bo‘la bil unga bir umr,
Vatanga joningni qilolgin fido.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:38:36
* * *

Achinma, shoirga xorligi uchun,
Yoki parcha nonga zorligi uchun.
Bilib qo‘y, aslida yashaydi shoir,
Dunyoda muhabbat borligi uchun.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:38:44
* * *

Chinor soyasidan bahramand bo‘lib,
Turfa xil ertaklar to‘qimoq oson.
O’zing ham ertaning tashvishin qilib,
Qaydadir bir nihol ekdingmi, Inson.
1994
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:38:55
ARMON EMASMI

Lolazor qirlarda chopa bilmasman,
Axir u men uchun armon emasmi?
Bolalik yillarim topa bilmasman,
Axir u men uchun armon emasmi?

Xayol gulshanida tersam chechaklar,
Jajji nabiramga bo‘ldim ermaklar,
Endi onam aytmas menga ertaklar,
Axir u men uchun armon emasmi?

Qorong‘u tunlarda olovlar yoqib,
Ilk she’rim yozgandim yulduzga boqib,
Endi axtaraman ko‘zoynak taqib,
Axir u men uchun armon emasmi?

Qancha zot dunyoga keldiyu ketdi,
Birin dushman etsa, birin do‘st etdi,
Birining boshiga shon-shuhrat yetdi,
Axir u men uchun armon emasmi?

Meni aldab ketdi lo‘ttiboz olchoq,
Ishongan kishim ham ko‘rsatdi yaroq,
Ularni xudoga topshirdim biroq,
Axir u men uchun armon emasmi?

Shukrona aytaman, do‘stlarim bordir,
Biri balki qo‘rqoq, birisi botir,
Yaxshilik qildimmi ularga axir,
Axir u men uchun armon emasmi?

Goho esh bo‘lsam-da siyosatlarga,
Qalbimni baxsh etdim malohatlarga,
Ular deb qoldim men malomatlarga,
Axir u men uchun armon emasmi?

Ogohman ishq degan ko‘hna shevadan,
Muhabbat atalmish tansiq mevadan,
Ortga qaray-qaray qaytdim Xivadan,
Axir u men uchun armon emasmi?
1995
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:39:04
AMUDARYOGA

Kimligimni bilar edim ozroq,
Bilar edim suyukligimni.
Amudaryoni ko‘rganda biroq
Bilib qoldim buyukligimni.
1995
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:39:16
SHOIRA ZULFIYA OPAMIZGA

O’tgan yillar uchun chekmang xijolat,
Uzr so‘raybermang yuragingizdan.
Xijolatin tortsin o‘zi tabiat,
Tabiat uzrini so‘rasin sizdan.

Zahmatkash, mehnatkash shu qalam bilan,
Buyuk asrimizning siz ham naqlisiz.
Davrga goh quvonch, goh alam bilan,
Baho bermoqlikka siz ham haqlisiz.

Tabarruk bir yoshga yetibsiz omon,
Allohim kun bersa adog‘i bo‘lmas.
Agar yuraklarni zabt etsa inson,
Undayin umrning sanog‘i bo‘lmas.

Qorong‘u tunlarda olovli so‘zni,
Kimki mash’al qilsa tole unga yor.
Baxtli ayolman deb atabsiz o‘zni,
Sizday shoiri bor xalq ham baxtiyor.
1995
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:39:24
SHOIRNING O’G‘LI

Deysan, molu mulk yo‘q sizda ziyoda,
Holbuki, shoirsiz, Vatanda nomdor.
Oh, o‘g‘lim, bu ko‘hna, bir kam dunyoda,
Kimdir kamtarroq ham yashashi darkor.

Nomimiz eshitsa kimdir uchungay,
Arziydi badavlat, tug‘liman desang.
Balki, do‘stlaring ham to‘g‘ri tushungay,
Abdulla Orifning o‘g‘liman desang.
1995
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:39:41
BARAKAGA TO’LSIN UYINGIZ

Onalar, opalar, singillar,
Muborak bo‘lsin bu to‘yingiz.
O’zbekcha aytganda, har doim
Barakaga to‘lsin uyingiz.

Onalar, opalar, singillar,
Shodlikka jo‘r bo‘lsin kuyingiz.
Faqat bolalarning baxtini o‘ylab,
Kechar bo‘lsin ezgu o‘yingiz.

Onalar, opalar, singillar,
Hayotning shavqini tuyingiz.
Vatanni jondan ham ortiqroq,
Allohim qadarli suyingiz.

Onalar, opalar, singillar,
She’rimni faxrga yo‘yingiz.
Bir do‘stim degandi so‘nggi dam,
Onamning yoniga qo‘yingiz...
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:39:51
KO’ZMUNCHOQ

Men ellik beshdaman,
Otam besh yoshda.
Bu ajib holatni chiston etgulik.
Mening umrim kechar tuproqda, toshda.
Otamning dovrug‘i ko‘kka yetgulik.

Istiqlol beshigi, o, Ota makon,
Har bir qadamingga sadaqa jonlar.
Lahzada kuch yig‘ding Alpomishsimon,
Yaloving bo‘loldi moviy osmonlar.

Yerparchin yotganda tilim - zabonim,
Yuksal, deding menga, sayragin, deding.
Oyoqqa qalqqanda Sohibqironim,
Yov bossa, tig‘ingni qayragin, deding.

Ko‘zingga surt deding, faromush bo‘lgan
Tabarruk, muqaddas mozorlarimni.
Bir zotga aylandim - tolei kulgan,
Ketkazding dildagi ozorlarimni.

Hasad bilan to‘lgan bu ko‘hna ochun
Senga ham suq bilan tikilar, bilsang.
Seni balolardan asramoq uchun
Beray ko‘zlarimni, ko‘zmunchoq qilsang.

Endi erk abadiy yo‘ldoshing bo‘lgay,
Noming bor jahonda - do‘stparvar, hotam.
Iymonli har bir kas yo‘ldoshing bo‘lgay,
Ey, mening besh yoshli Pahlavon otam!
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:40:05
TAFSIR

Tuzumlar o‘zgarsa ham,
Inson o‘zgarmas ekan.
Tizimlar o‘zgarsa ham
Inson o‘zgarmas ekan.
Jaholat davrida ham
Avliyo - avliyodir.
Kaforat davrida ham
Anbiyo - anbiyodir.
Balki davron yo‘rug‘i
Aslan to‘g‘ri bo‘lgaydir.
Lekin ming bor dod dema,
O’g‘ri - o‘g‘ri bo‘lgaydir.
Har qadamda bir masjid
Qurganing bilan, inson,
Insof bermasa, hech kim
Muslim bo‘lmas hech qachon.
Ko‘pkariga kirganning
Halollik erur dardi.
Lekin ular safida
Ot surar bir nomardi.
Gohida sadoqatli
Do‘stlaring qolib bir yon,
Yo‘lin topib, qo‘yningga
Kirib olgaydir ilon.
Mo‘min deb atar o‘zin
Goh yaxshi ham, yomon ham.
Qaysi biri haq erur?
O’zi bilgaydir Egam.
Tuzumlar o‘zgarsa ham
Inson o‘zgarmas ekan.
Tizimlar o‘zgarsa ham
Inson o‘zgarmas ekan.
Shul boisdan Payg‘ambar
Ummat g‘amin yeganlar.
Allohdan boshqasiga
Sig‘inmagin, deganlar.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:40:16
XAYOL

Xayolga berilma, birodar,
Qush kabi nazar sol olamga.
O’ylamay mehr qo‘y odamga,
Xayolga berilma, birodar.

Xayolga berilsang mabodo,
Ko‘p noxush narsalar ko‘ringay.
Ilohlar iblisdek suringay,
Xayolga berilsang mabodo.

Xayolga berilsang nogahon
Ko‘ringay Furqatdek to‘g‘ri ham.
Ko‘ringay shu nomlik o‘g‘ri ham
Xayolga berilsang nogahon.

Xayolga berilsang, ochilgay
Qarshingda bir go‘zal surati.
Ayni choq alvasti siyrati
Xayolga berilsang, ochilgay.

Xayoling aldaydi ehtimol,
Dunyoda diyonat bor deya,
Daydi bir kuchukni nor deya
Xayoling aldaydi, ehtimol.

Xayoling puch bo‘lmas, inshoolloh,
Sen faqat fanoni o‘ylasang.
Sen faqat baqoni o‘ylasang,
Xayoling puch bo‘lmas, inshoolloh.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:40:35
MAQTANCHOQLAR

Bir kuni yig‘ildi uchta maqtanchoq,
Har kim o‘z yutug‘in so‘ylay boshladi.
Eng yuksak marrani zabt etgan qay choq?
Boshlarin qashlashib o‘ylay boshladi.

Birinchisi dedi: - Men aytsam agar,
Omad degan narsa dunyoda bor-da!
Hali aholisi bundan bexabar,
Ulkan bir shaharni yutdim qimorda.

Ikkinchisi dedi: - Murodga yetdim,
Ne-ne zukkolarning oldim aqlini.
Kuppa-kunduz kuni o‘marib ketdim
Mashhur bir shoirning qalam haqini.

Uchinchisi dedi: - Asli men g‘olib,
Jasorat barq urar qilgan ishimda.
Qaysi kun ko‘rpaga burkanib olib,
Boshlig‘imni so‘kdim boplab... ichimda!
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:40:52
ESKI CHORIQ

Oldingda turibdi to‘kin dasturxon,
Endi unut bo‘lgan go‘jang-tarig‘ing.
Balki eslamassan, qayda bu zamon,
O’sha, sudrab yurgan eski chorig‘ing.

Tasmadan bog‘langan oddiy poyafzal
Garchi yo‘qsillikning misoli erur.
Bilsang, u men uchun ming darsdan afzal,
Dunyo hikmatlarin timsoli erur.

Bir kuni qutulib zulmat-soyadan
Omad narvonida ko‘targaysan qad.
Lekin bu omonat pillapoyadan
Balki yiqitgaydir seni ham hasad.

Shunda tashlab qochar ne-ne do‘st, yoron,
Axir ular uchun so‘ngan yorug‘ing.
Og‘zi qulog‘iga yetgancha shodon,
Seni kutib olar o‘shal chorig‘ing.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:41:04
IKKI KALAMUSH

Kalamushlar, kalamushlik ishi qolib,
Talashardi uyasidan chiqib olib.

Men adirning bu yog‘idan, derdi biri,
Men adirning u yog‘idan, derdi biri.

Ikkisi ham qo‘ymadi hech kerilarin,
Bir kun ovchi shilib ketdi terilarin.

Aytganlarim hikmat emas, masal emas,
Har kimga ham yoqadigan asal emas.

Ochiq gap shul: ajratmangiz yeringizni,
Toki shilib ketmasinlar teringizni.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:41:16
 (Turkum)
XALQARO ANJUMAN

Mana, o‘tsa hamki necha zamonlar,
Bu yerda yig‘ilar siyosatdonlar.

Afriqolik habash, bolqonlik bulg‘or,
O’risu Rumo Chin - bunda bari bor.

Biri muslim bo‘lsa, biri butparast,
Biri nasoron-u, biri o‘tparast.

Biri tund, birovin nazari issiq,
Biri menga o‘xshar - ko‘zlari qisiq.

Sariyga o‘ralgan birin sumbati,
Birovin boshida tustovuq pati.

Turfa tillar bunda boshlasa bozor,
Xudodan boshqaning farqlashi dushvo

Bu yerda o‘tgaydir na pul, na savlat,
Bu yerda o‘z so‘zin aytar har davlat.

Notiqlar va’zlarin toki boshlaydi,
Muhtasham gaplarni qalab tashlaydi.

Goho qay birovi qizishgani dam,
Sipqoraman deydi ummonlarni ham.

Tunu kun bahs qilib bo‘ylashar ular,
Dunyoning taqdirin o‘ylashar ular.

Qo‘shni fin so‘raydi sekin, aylab noz:
Janob, Siz kim uchun bergaysiz ovoz?

Men ham esnayman-u, ko‘krak keraman:
O’zbekiston uchun ovoz beraman!
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:41:28
JENEVA

Jeneva,
Jeneva,
Necha kunlarim
Sening iliqqina bag‘ringda o‘tdi.
Tashvishli damlarni yurak unutdi,
Moviy bo‘shliqlarga singdi unlarim.
Zangori ko‘l uzra chayqalar oqqush,
Mayin patlariga to‘lqin yuqmaydi.
Yiroqda Monblan tog‘i uxlaydi,
Oppoq qor choyshabin tagida behush.
Yashil maysazorning ipak qatiga
Ninachi shabnamdan qadaydi durlar.
Quyuq daralarda potrar qarqurlar,
Jar solib tevarak, mamlakatiga.
Cho‘qqilar ortidan o‘rmalar bulut,
Birdan tinib qolar o‘tloqdagi toy.
Shivalab o‘tadi yomg‘ir, hoynahoy,
Borliqqa cho‘kadi novvotrang sukut.
Jeneva tin olar ma’sum va yovvosh,
Billur tomchilarda nozik yaltirar.
Zum o‘tmay yana sho‘x barglar qaltirar,
Yana ko‘rinadi jilmaygan quyosh.
Jeneva,
Jeneva
Ilhom yulduzi,
Seni tushlarimda balki ko‘rgayman.
Balki uzoq yillar eslab yurgayman,
Seni - Yevropaning dilovar qizi...
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:41:41
MUXBIRLAR

Odam ko‘kka uchdi,
Quchdi ummonni.
Yetdi poyoniga kurash, ur-surlar.
Gij-gijlatib qo‘yib telba jahonni,
Bu kun minbarlarga chiqdi muxbirlar.

Aziz kasbdoshlarim,
G’alat qavm bu,
Jonining qadrini bilmaydigan kas.
Qaydadir ko‘rinsa yilt etgan mavzu,
Och-nahor, piyoda keta berar, bas.

To‘plar gumburlaydi,
O’rlaydi olov.
Yuksak qasrlar ham qulaydi bir-bir.
Butkul mamlakatlar yonadi lov-lov,
U esa tirikdir, o‘q o‘tmas, dovdir.

Garchi ko‘rinishdan yuvvosh va g‘arib,
Lekin tahlikaga solar har so‘zi.
Shahardan hammani quvlab chiqarib,
Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda kezar bir o‘zi.

Yagona quroli qog‘oz va qalam,
O’ylar u na bugun, na ertasini.
Haqiqat yo‘lida so‘nggi damda ham
O’lar, esga olib gazetasini.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:41:56
SOG‘INISH

U uzoq joylarga qilmasdi safar,
To‘kmang derdi ko‘zdan jolalarimni.
Derdi: Bir kungina ko‘rmasam agar
Sog‘inib qolaman bolalarimni.

Bedavo bir dardga chalindi sho‘rlik,
Dedi: Endi qaytib turmasam kerak.
Bo‘g‘ziga tiqilib kelsa ham xo‘rlik,
Bariga chidadi, bosiq va tiyrik.

Ketar chog‘ida ham yo‘qlikka tomon,
U taqdir hukmiga mardona ko‘ndi.
Faqatgina dedi: - Qiynar bir armon
Meni bolalarim sog‘inar endi...
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:42:10
OQ YO’L

Do‘stim Maralga

Sayroqi qushlarning tindi navosi,
Anvoyi gullar ham so‘ldi bog‘imda.
Bu g‘urbat kunlarning bormi adosi,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Olis adirlarda tumanmi, tutun,
Tegramni zulumot qoplamish butun.
Meni halok etar bu savdo bir kun,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Hech kim hasratimga quloq solmadi,
Ruhimni biror zot anglay olmadi.
Bunda qiladigan ishim qolmadi,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Qog‘ozim qoraydi dildagi zordan,
Bugun ayri tushdim do‘st ila yordan.
Faqat bir ilinjim sen - Biru Bordan,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Mayli, samolarga meni elta qol,
Yumushing bajaray qaddim egib dol.
Sening huzuringda yo‘q axir zavol,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Mana, oqshom cho‘kdi. Bo‘zarmoqda oy,
Boshlanur yulduzlar bazmi hoynahoy.
Menga ham baxsh etgil tumorchalik joy,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
1996

Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:42:23
SUHBAT

Odam odam bilan uchrashgan asno
Dunyoda eng yaxshi vosita - suhbat.
Ba’zi birov bilan so‘zlashsang, ammo
Aralashib qolar oraga g‘iybat.

Sizdan o‘tinaman, ey, do‘sti yoron,
Diydorning g‘animat gashtin suraylik
Mayli, har qanchalik bo‘lsa ham yolg‘on
Faqat ezgulikdan suhbat quraylik.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:42:45
KULMANG...

Och odamning ustidan kulmang,
Yetishmasa ishga qurbati.
Xunukkina qizlarni siylang,
Go‘zal bo‘lar ular siyrati.

Birovlarning haqqin yeganni
Dasturxonga yo‘lata ko‘rmang.
Rostni ko‘rib, yolg‘on deganning
Kosasini to‘lata ko‘rmang.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:42:54
OQLAR VA QORALAR

Hozir rang ajratish zamoni emas,
Har qanday ishora qalbni yaralar.
Va lekin bir-birin har zum, har nafas
Qo‘llab-qo‘ltiqlarkan zangi - qoralar.

Odamzod xolimas kindan, aldovdan,
Qilmaysan, kim-kimni goho saralar.
Oqlar g‘ijillashib turganda, g‘ovdan
Sakrab o‘tib ketar birdan qoralar.

Birodar, gapni sen ko‘rgandan so‘ra,
Demagil, she’ringda sharpa oralar.
Bir-birin yeb yotgan oqlardan ko‘ra,
Afzal-ku hamjihat o‘sha qoralar.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:43:12
"œJAMAYKA"

Bir vaqt Robertina ismlik bola
"œJamayka, Jamayka" deya kuylardi.
Yurakning tubiga yetib bu nola,
Olis Jamaykani har kim o‘ylardi.

O’sha gul diyorni ko‘rganmisan sen,
Ilojin topolsang qanot bog‘lab uch.
Axir o‘ylabmidim, Jenevada men
Ayni Jamaykaga kelurman, deb duch.

Yoyib kokillarin, turibdi sanam,
Qop-qora tun bilan o‘ralgandek oy.
"œMing bir kecha"dagi ertaklarda ham
Tavsif etilmabdir bundayin chiroy.

Kimning peshonasin bezaydi bu la’l,
Kimlarga hadya bu oppoq tabassum.
Jamayka go‘zali, o, tengsiz go‘zal,
Bir nafas shoshmay tur, qilg‘il tarah

Boqib jamolingga, yuragimda mung,
Olis yoshligimni esga olayin.
Ortingdan "œJamayka, Jamayka", deb
U sirli qo‘shiqni kuylab qolayin.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:43:22
HABASH QIZ

Nari ketolmayman bir habash qizdan,
Juda o‘xshar ekan Senga ko‘z-qoshi.
Bilmadim, o‘sha payt, qay biringizdan
Nusxa olgan ekan falak naqqoshi.

Loyingiz barobar qorgandir Xalloq,
Ayni ilhom chog‘i ijod etgandir.
Anavi habashning nusxasi biroq
Xumdonda uzoqroq qolib ketgandir.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:43:38
HIMOYAT

Dilimni ezadi gohida xayol,
Gumonlar, shubhalar zabtiga olgay.
Vaqt yetib, tiriklik topganda zavol,
Nahotki baytlarim egasiz qolgay.

Axir vayron bo‘lur qarovsiz uy ham,
Bog‘bonsiz gulshan ham so‘lgay bir kuni.
Asriy imoratlar yemrilgay kam-kam,
Kimdir himoyatga olmasa uni.

Lahzada ming bora turlanadi rang,
Sobit bir suratni topmog‘ing qiyin.
Bugun salom bersa agar nabirang,
Yaxshisi, alik ol yuz yildan keyin.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:43:47
SO’NGGI CHORA

Odamlar yo‘lida xarsangtoshday zil,
Erta-kech ko‘ndalang yotishdan saqlan.
Fursating o‘tdimi - maqomingni bil
Bekatda o‘tirgich bo‘lgil, masalan.

Agar o‘qimasa she’ringni birov,
Malomat qilmog‘ing, albatta, g‘alat.
Yaxshisi, do‘konni yopgin-da darrov,
Zehningni o‘zga bir yumushga qarat.

Boshqa fojiadan asrasin ammo,
Hech kim duch kelmasin unga daf’atan.
Sendan elu yurting tonmasin aslo,
Sendan o‘girmasin yuzini Vatan.

Unday choq, buzsang ham dodlab jahonni
Hech kim hayron bo‘lmas, hech kim qolmas lol
Agar topa olsang bir gaz arqonni,
O’zingni osa ber endi bemalol.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:43:58
O’GIT

Bolangni o‘g‘rilar tunabdi yo‘lda,
Lekin uh tortasan, ichingda nolang.
Deysan, o‘g‘lim, sen ham dadilroq bo‘l-da,
Biroq, tanbehingni eshitmas bolang.

U deydi: - Bormi hech dunyoda insof,
Yo‘limni to‘sdilar, kuppa-kunduzi.
Bolam, sen hozircha shabnam kabi sof,
Ayni farishtaning o‘zisan, o‘zi.

Nega? - deb atrofga boqasan hayron,
Ilk bor duch kelibsan bunday baloga.
Mening gaplarimni tinglagin obdon,
O’g‘lim, ishonma hech noqis dunyoga.

Duch kelgan kimsani pokdomon bilib,
Hargiz diling ochma, bo‘lmagil yo‘ldosh.
Insonlar uchraydi, bir ko‘zi kulib,
Ikkinchi ko‘zida tayyor turgay yosh.

Insonlar uchraydi, taomingni yeb,
Toptab keta berar dasturxoningni.
Chumoli qadarli manfaatin deb,
Chumolicha ko‘rmas sening joningni.

Insonlar uchraydi, ko‘kda oyni ham
O’zining mulki deb bilgaydir faqat.
Sening quvonchlaring ularga alam,
Sening zarra baxting ularga kulfat.

U payt qulog‘ingga aytguncha azon
Ogoh etmasmidim buning baridan.
Ishonch degan bir so‘z o‘chdi nogahon.
O’spirin umringning sardaftaridan.

O’g‘lim, odamiylik azizdir garchand,
Yostig‘ing ostida tursin yarog‘ing.
Dunyo har qadamda bergay senga pand,
Aslo mudramagay ikki qarog‘ing.

Ezgulik yo‘lida ko‘pdir muammo,
Undan qutulmoqning yo‘li bul ekan:
Insonga yo‘liqsang inson bo‘l, ammo
Hayvon yo‘liqqanda Hayvon bo‘l ekan.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:44:11
BOSHMANBULOQQA

Boshmanbuloq, Boshmanbuloq,
Senga ko‘zu qoshman, buloq.
Suvingdan bir qonib ichdim,
Endi mangu yoshman, buloq.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:44:25
UMMON ORTIDAGI MAKONIM
(Vashingtonda O’zbekiston elchixonasining yangi binosi ochilishi munosabati bilan yozilgan she’r)

Keng jahon bir qadam bo‘ldi men uchun,
Menga ham ochildi olam darchasi.
Yiroq Amriqoda taft sochar bu kun.
O’zbek quyoshining olov parchasi.

Ochildi men uchun tor osmon bekam,
Kezdim yuksaklikning cho‘ng darg‘asini.
O’zbekning lochini ozod va ko‘rkam,
Qurdi bu yerda ham qo‘nalg‘asini.

Nechun xushnud bo‘lmay, dilimni yormay,
Ummon ortida ham bordir makonim.
Dunyoning qaysi bir burchiga bormay,
O’zing boshpana bo‘l, O’zbekistonim!
Vashington shahri, 1996 yil 25 iyun
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:44:36
AYRILMAS

Yo haq!. - deb yo‘l olsa manzilga karvon,
Yo‘l boshlagan cho‘ng noridan ayrilmas.
Oshiqlar ko‘nglidan kechar ming armon,
Bir armoni - dildoridan ayrilmas.

Nelarni ko‘rmagay insonning boshi,
Bejiz aytmaganlar: "œU soyning toshi".
Donolar, bir joyga yetsa ham yoshi,
Piri bergan tumoridan ayrilmas.

Qachon dong chiqarmish, axir, yolg‘iz ot,
Farzand oqil bo‘lsa - padarga qanot.
Yigitga duch kelsa Hayot yo Mamot,
Do‘stlarining diydoridan ayrilmas.

Demishlar: .So‘qir ham ko‘rgay yorqin tush..
Ozod davron surmoq har narsadan xush.
Qafasga gar tushsa uchib yurgan qush,
Erkinlikning xumoridan ayrilmas.

Xor bo‘lmas, ajdodin kimki yod etgan,
O’tgan azizlarning ruhin shod etgan.
Avlodlar taqdirin o‘ylab dod etgan,
Ota-bobo mozoridan ayrilmas.

Har kim bilganicha chertgay sozini,
Moli toza odam qilgay nozini.
Mard kishi ko‘p degay hatto ozini,
Rizqin topgan bozoridan ayrilmas.

Peshvosi bor yurtning butundir baxti
Aslo xazon bo‘lmas ekkan daraxti.
Har kimga buyursin o‘z toju taxti,
Nomusli el shunqoridan ayrilmas.

Bir yonda turkmanim, qirg‘iz, qozog‘im
Orolga termulgan qoraqalpog‘im,
O’zbegim, tojigim - ko‘zim-qarog‘im
Jam bo‘lganda qatoridan ayrilmas.

Ayrilsa ayrilgay tog‘lar qoridan,
Ayrilgay behimmat boy ham boridan,
Vafosiz ayrilgay do‘stu yoridan,
Shoir xalqi ash’oridan ayrilmas.

Qo‘lga qalam oldim qutlug‘ bir kuni,
Mahtumquli she’rin bo‘lib maftuni.
Agar kuylar bo‘lsa Abdullo uni,
Bir umrga sho‘x toridan ayrilmas.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:45:15
QO’LLANMA
(Hazil)

Bir kun hasrat qildi amaldor ukam,
Dedi: Ne qilarim bilolmay qoldim.
Agar tanbeh bersang - kimgadir alam,
Taltayib ketadi maqtalgan xodim.

Men dedim: O’ylab ayt har bir so‘zingni,
Turfa andishani bir chetga tashla.
Koyisang - eng avval koyi o‘zingni,
Maqtovni ham avval o‘zingdan boshla.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:45:29
* * *

Do‘stim, Haq deganni qo‘llagin faqat,
Parvoz qilar bo‘lsa - osmoni bo‘lgil.
Yovuzlikka qarshi qudrating ko‘rsat,
Mudom ezgulikning posboni bo‘lgil.
1996
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:45:45
MASLAHAT

Eshmat nomli ko‘chada
Toshmat nomli do‘kon bor.
Xizmat qilar u joyda
Nurmat degan do‘kondor.

Xarid qilgin sen undan
Furqat nomli saqichni.
Unutma, Pirmat degan
Ko‘chaga ham boqishni.

U yerdagi hammomning
Qulmat nomin o‘yib ol.
Boy bermasdan fursatni
O’z ismingni qo‘yib ol.
1997
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:46:14
NADOMAT

Menga afsonalar so‘ylama, uka,
Rosa charchaganman yolg‘onni yozib.
Qirq yil ko‘taribman Insonni ko‘kka
Ishonib, hazrat deb, yo‘limdan ozib.

O’zingiz kim deya so‘rarsan axir,
O’sha nokomilning men ham biriman.
Tangrining yaratgan bandasi - faqir
Boshqalar osmonu, men-chi, yeriman.

Balki koinotning biror burjida,
Bizdek nochorlarga bordir mos makon
Lekin unga yetish qiyindir juda,
Buni tark etmoq ham emasdir oson.

Nachora, Insonni ko‘tarib ko‘kka,
U kabi yashashni bila bilmadim.
Yovuzlik qo‘limdan kelmadi, uka,
Birovga yomonlik qila bilmadim.
1997
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:46:36
FAZOGIR SOLIJON

Nyu-York. Amerikaning "œIndevor" kosmik kemasi Floridadagi "œMise kanaveral" kosmodromidan osmonga uvaffaqiyatli ko‘tarildi... Ushbu kema ekipaji a’zolari orasida Qirg‘izistonda tug‘ilgan o‘zbek millatiga mansub Solijon Sharipov ham bor. (O’zA xabaridan)

Osmonda bir o‘zbek uchib yuribdi,
Fazogir Solijon, gapning sirasi.
Yulduzlar vasliga boqib turibdi
Mirzo Ulug‘bekning chin nabirasi.

Turkiy dunyomizga yana bitta zeb,
Solijon samoni ko‘rgali ketdi.
Bobom yulduzlari joyidami, deb
Ularning holini so‘rgali ketdi.
1998 yil, yanvar
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:46:45
TOYCHOQ

Jeneva ko‘lining sohilida shan,
Toyning haykalchasi tovlanar har choq
Do‘rmon bog‘larining etaklaridan,
Qanday kelib qolding bu yerga, toychoq

Hordiqqami desam, hali yoshsan-ku,
Hali charchamagan asablaring ham.
Toshkent o‘tloqlari emasmi inju,
Senga Jenevada nima bor, oshnam?!

Toychoq kishnab deydi: - Mana shu ko‘
Sig‘may qoldingizmi siz ham u yoqqa.
Akangning holidan xabardor bo‘l, deb,
Jo‘natib yubordi yangam bu yoqqa...
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:46:57
JAHONGASHTA

Bir kun so‘radilar jahongashtadan:
- Aytgil, bir yurakka olam siqqaymi
Yoki yo‘qmi senda turar joy, vatan,
Sang‘ib yurmoqlikdan shoxing chiqqaymi?

U dedi: toqatim yo‘qdir firoqqa,
Men asli muhabbat uchun yarayman.
Faqat gohi-gohi ketib yiroqqa
Yurtni dast ko‘tarib, to‘yib qarayman
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:47:05
FIDOYI

Sochilib yotadi oltin va gavhar
Tog‘larning qa’rida yo qumloq soyda.
Kimdir zahmat chekib yig‘masa agar,
U pinhon boylikdan, ayting, ne foyda.

Bedov ot kezadi cho‘llarda yaydoq,
Falakka yetgudek shaxdi, shiddati.
Yovqur bir chavandoz bo‘lmasa biroq
Ayting, chiqarmidi dong‘i, shuhrati.

Asriy jumboqni ham bir fozil yechgay,
Darg‘asiz kemaning suzmog‘i gumon.
Kimdir halovatu uyqudan kechgay.
Shundan Vatani tinch, xalqi ham omon.

Fidoyi Insonlar: balki rahnamo,
Balki oddiy zotdir - har qayda bordir.
Ular unutgaylar o‘zin doimo,
Chunki qo‘llovchisi Parvardigordir.

Bor bo‘l, ezgulikka baxshida hayot,
Zahmating tufayli yetding niyatga.
Shohmisan, fuqaro - endi umrbod
Daxldor bo‘lding sen abadiyatga.
1998 yil, yanvar
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:47:16

FAXR

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi sessiyasida o‘qilgan she’r

Kimdir maqtanadi san’ati bilan,
Birov ilmu fanga rag‘bati bilan.
Kimdir she’ri bilan maqtansa, kimdir
Maqtanar mol-dunyo, davlati bilan.

Kimdir o‘rmonlarin ko‘kka ko‘tarsa,
Kimdir gerdayadi shaxmati bilan.
Ularning bari-ku insonga xosdir,
Birma-bir kelgaydir navbati bilan.

Toshkentda haykal bor bir oilaga,
Shon topmish yetimga shafqati bilan.
Ahli Kesh maqtansa arziydi - Temur
Jahonni zabt etdi sarvati bilan.

O’zbekning boshidan zar sochsin dunyo,
Topdi u rizqini zahmati bilan.
Uning asosidir - buyuk bobolar
Bizga ibrat bo‘ldi mehnati bilan.

Bizdek nochorlar-ku yerga qaraymiz,
Kimdir osmon bo‘ldi savlati bilan.
Qashqadaryo xalqi faxr etar doim
Islomi yaratgan shavkati bilan.
1998 yil, iyun
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:47:29
HISOBOT

Hayotda uchraydi turli hodisot,
Balki biri yaxshi, boshqasi yomon.
Lekin har biriga bordir hisobot,
Qayda u yuz berdi? Kim bilan? Qachon?

Necha buyuk zotlar o‘tdi hasratda,
Bog‘larda quzg‘unlar oshiyon qurdi.
Mana shu asrda, shu mamlakatda,
Kelgindi kimsalar davrini surdi.

Men-ku, o‘ylamasman o‘zimni bukun,
Har qalay, el bilan o‘lmagan jonman.
Battol asr hali topmasdan yakun
Ozod bo‘la olgan O’zbekistonman!

Sharaflab taqdirning iltifotini
Mujdalar kelmoqda ovuldan, kentdan.
Qarangki, Istiqlol mukofotini
Olibmiz Birinchi Prezidentdan!
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:47:45
TUSHMASIN

U yiroq tog‘larga qor tushsa tushsin,
Sening bog‘laringga zinhor tushmasin
O’rtaga ayriliq, zor tushsa tushsin,
Va lekin hech qachon ag‘yor tushmasin.

Men sekin kuzatdim shitob dunyoni,
Nechog‘ omonatdir odamzot joni.
Qo‘ling endi oshga yetgani oni,
Boshingga nogahon cho‘qmor tushmasin.

Birov tinglamasa suxan ne kerak,
Har kimga buyursin sirdosh bir yurak
Agarda bor bo‘lsa sodiq do‘st-tirgak,
Oraga to‘g‘anoq - devor tushmasin.

Uchragay dunyoda turfa xil armon,
Gohi g‘olibdirsan, goh mag‘lub, nolon.
Ko‘nikkay bariga hayotda inson,
Lekin g‘am ustma-ust, takror tushmasi

Tepangda bor ekan Parvardigoring,
Magarki elu yurt nomus va oring.
Vatanni kuylamak bo‘lsa shioring.
Dilingga boshqa hech qaror tushmasin.
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:47:55
O’ZBEK BOYINING BAYONOTI

Gaping to‘g‘ri, kulba emas, saroydirman,
Boylar ko‘pdir, ular ichra eng boydirman.

Son-sanoqsiz molu dunyo, qo‘ylarim bor,
Shahar to‘la, qishloq to‘la uylarim bor.

Donlarim bor, adog‘ini bilolmassan.
Don-dunimning hisobini qilolmassan.

Tog‘larimning bordir yashil archalari,
Kaminaning mulki erur barchalari.

O’z hovlimda tayyora ham yasaydirman,
Olovim ko‘p, xo‘p shohona yashaydirman.

Guzarlar ham, bozorlar ham menikidir,
Sen yotajak mozorlar ham menikidir.

Sohibqiron Temur mening bobom erur,
Bobur tog‘am, Mohlaroyim momom erur.

Boysunimda tulporlarim kishnashadi,
Zominimda zarg‘aldoqlar qishlashadi.

O’lponchi-yu soliqchilar, bilib qo‘ying,
Gaplarimni Siz quloqqa ilib qo‘ying.

Boyligimga chegara yo‘q, ha, chindan ham,
Buni yaxshi bilgaydirsiz Siz mendan ham.

Axir buning barchasini netar edim,
U dunyoga olibmi men ketar edim.

Vorisim bor, ko‘zimning u oq-qorasi,
U shu tuproq farzandidir, yurt bolasi

Inshoolloh, undan ko‘nglim to‘lajakdir
Vorisimning ismi esa - Kelajakdir
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:48:07
BIR QARASAM...

Bir qarasam, do‘stu yordan ko‘nglim to‘qday,
Bir qarasam, atrofimda hech kim yo‘qday.

Bir qarasam, suyanchiqday bolalarim,
Bir qarasam, ular siniq lolalarim.

Bir qarasam, bu dunyoda baxtim borday,
Bir qarasam, butkul olam menga torday.

Bir qarasam, murodimga yetgandayman,
Bir qarasam, ko‘zim ochiq ketgandayman.

Bir qarasam, shon-shuhratga yo‘g‘rilganman,
Bir qarasam, endigina tug‘ilganman.
1998 yil, avgust
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:48:21
ZARDO’SHT SO’ZI

Qadim Xorazmning zar tuprog‘ida,
Ko‘hna Buxoroning hur quchog‘ida,

Yashagan Zardo‘shtman, donishmand zotm
O’lmas g‘oyam bilan mangu hayotman.

Yaxshi va yomonni ayladim hisob,
Va bitdim .Avesto. nomli bir kitob

Unda yozuvlikni yerga urganman,
Ezgulik maqomin yuksak ko‘rganman.

Ishonchim shul bo‘ldi: toju taxt, davlat
But bo‘lsa mamlakat yashnagay albat.

Uch ming yil muqaddam qadim tuproqda
Ko‘hna Buxoroyu Xorazm yoqda.

Qo‘rg‘onlar yaraldi, qal’alar o‘sdi,
Ular yovuzlikning yo‘lini to‘sdi.

Hurmuzd g‘olib bo‘lgay, Axraman mag‘lub
Yovuzlik chekingay, ezgulik marg‘ub.

Ko‘hna saltanatdan yodgor bo‘lsin to,
Sizga qoldirganim ushbu .Avesto..
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:48:41
LUVR MUZEYIDA
(Farangiston xotiralaridan)

Luvrda - muzeyning bag‘rida sokin
Ming yillik ashyolar turibdi qator.
Bunda shohlar taxti hashamdor, yorqin,
Bunda gadolarning sopoli ham bor.

Boqib, o‘yga cho‘mdim Luvr uyida,
Tarixni bus-butun ko‘rarmikanman?
Payt kelib, O’zbekning bir muzeyida,
Singan sopolchalik turarmikanman?!
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:48:54
SAFARDOSHLAR
(Hazil)

Aslo boylar bilan chiqma safarga,
Agar ziqna bo‘lsa, sharmanda qilar.
O’rta hol zot bilan kezsang agarda,
U o‘lik-tirigin bo‘yningga ilar.

Kambag‘al hamroh-chi, bilmaydi firib,
Sezdirmas bormi yo yo‘qligini u.
Yiqilsa yiqilar sillasi qurib,
Aytmaydi ochmi yo to‘qligini u.
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:49:09
SHOIR QALBI

Yurtda ne muborak ishlar bo‘lg‘uvsi,
Undan shoir qalbi shavqqa to‘lg‘uvsi.

Chinor o‘tqazildi, tug‘ildi farzand,
Avval shoir qalbi bo‘lgay bahramand.

Sababi ma’lumdir buning, albatta,
Tug‘ildik shu Vatan, shu mamlakatda.

Uning har go‘shasi jahondir menga,
Toshloq yo‘llari ham ravondir menga.

Taralsa elimdan xushnud bir xabar,
Tabrik aylamog‘im, demak, muqarrar.

Mavjiga nogahon kimdir tosh otgay,
Zarbi yuragimning tubiga botgay.

Elim, qadamingni har dam kuzatdim,
Goh o‘ychan, gohida xurram kuzatdim.

Gar sen daryo bo‘lsang - irmog‘ingdirman
Lat yesang, og‘riqli barmog‘ingdirman.

Menda fazilatdan bo‘lsa bir nishon,
Sening olovingdan uchqun bu, ishon!

Savobing qosh ila ko‘zimnikidir,
Faqat gunohlarim o‘zimnikidir.
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:49:18
AYTGIN SHUKRLAR

Dumaloq shu boshdan bo‘lmasang judo,
Ikki oyoq bilan yiroq ketgaysan.
O’lmagan qulim, deb siylasa xudo,
Jambulning yoshiga balkim yetgaysan.

Tap-taqir kallangda qozondek dastor,
Avliyo misoli ayri soqoling.
Nabira, abira tegrangda qator,
Sandiqda bisoting, qo‘rangda moling.

O’tgan hayotingdan mutloq bexabar,
Piyri badavlat deb yozar muxbirlar.
Shundayin dovonga yetolsang magar,
Aytaber Allohga cheksiz shukrlar.
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:49:27
OTA DUOSI

O’g‘lim so‘ramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, ko‘zlarimga bo‘lmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sog‘u salomat.

Mayli, ko‘tarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham bo‘lmagil yog‘sa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sog‘u salomat.
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:49:57
UCHAR QUSHLAR

Uchar qushlar uchdi-ketdi,
Qo‘llarimda pati qoldi.
Yoshlik ketdi, umrning ham
Sharti ketib, parti qoldi.

Dema, bukun sevgining ham
O’zi ketib, oti qoldi.
Lablarimda u bo‘saning
Hech aynimas toti qoldi...
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:50:06
* * *

Urinma bolakay, urinma harchand
Bag‘ringni men kabi tig‘lay olmassan.
Men kabi quvonib, kularsan garchand,
Lekin men singari yig‘lay olmassan.
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:50:34
* * *

Bugun xoli qo‘ydim yana daftarimni,
Buni balki kimdir yalqovlikka yo‘ydi
Asli senga aytar hamma gaplarimni,
Bulbul aytib qo‘ydi.
1998
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:50:47
* * *

Deydilar: - Chaqnagan qaysi yurt erur,
Buyuk sohibqiron sochgan ziyodan.
Javob berdilarki, - Hech so‘nmas bu nur,
Taralgan eng avval Qashqadaryodan.
Dedilar:. Qaysi el bedor doimo,
Zavq olar mehnatdan, suluv dunyodan.
Javob berdilarki,. Shoir, ulamo,
San’atkorlar chiqqan Qashqadaryodan.
Dedilar:. Jahonga buyuk yurtboshi,
Parvoz aylagandi qaysi ma’vodan.
Javob berdilarki,. Hurlik quyoshi,
Qalqqandi dastavval Qashqadaryodan.
Dastavval, dastavval Qashqadaryodan!
1999
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:51:00
BEDORLIK

Der edim: Istiqlol shukuhi bilan
Ro‘zg‘orni butlamoq fursati yetdi.
Shunday payt, qo‘ynimga kirdi bir il
Kimdir ostonamga o‘t qo‘yib ketdi.

Der edim: Hur zamon kelib nihoyat,
Asriy g‘alvalardan xoli bo‘ldi bosh.
Shunday payt, qo‘zg‘alib qaydin qaboha
Yurtboshim ko‘ksiga otmoq bo‘ldi tosh.

Der edim: bosqinlar, vahshat, ur-surl
Qoldilar moziyning kechalarida.
Shunday payt, daf’atan jonlandi ula
Qon oqdi Toshkentning ko‘chalarida.

Nogoh ayon bo‘ldi, g‘animlar bisyor,
Bisyor oramizda olamizgacha.
Endi ogoh bo‘lsin, bo‘lsinlar hushyor,
Hatto beshikdagi bolamizgacha.

Istiqlol, sadag‘ang ketay, Istiqlol!
Buncha og‘ir ekan qutlug‘ yo‘llaring.
Ishonay, duch kelsa, agar yov qattol,
Burda-burda qilsin uni qo‘llaring.

Men esa, Istiqlol, yaloving tutib,
Metin saflaringda sobit keturman.
O’tgan shahidlarning nomin yod etib,
Yurtboshim yonida bedor o‘turman.
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:51:15
O’ZBEK ONASI

Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,
Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing,
Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,
Sen o‘zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Boshingdan nimalar o‘tmadi axir,
Vatandek taqdiring bo‘ldi goh taxir,
Bobur shoh bo‘lsa-da, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Kelajak toychog‘u toyingizdadir,
Jannat ham, albatta poyingizdadir,
Vatan-ku, Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Sizga ta’zim qilib turibman bu payt
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz Yurtboshingga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
1999 yil, 6 mart
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:51:31
TUSH

Agarda tush bilan o‘zgarsa dunyo,
Tush bilan aylansa vaqtu zamonlar,
Yomon tush ko‘rganlar ko‘karmay aslo,
Qirilib ketardi allaqachonlar.

Yaxshi tushlar ko‘rsin har kim ham, biroq
Bu bilan ham bitmas dunyo ishlari.
Yaxshi tush ko‘rganlar g‘am bilmay mutloq,
Baxtli yashar edi ehtimol bari.
1999
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:51:47
OLIY NE’MAT

Pir Xoja yo‘liqdi nogahon dardga,
Holi tang, rangi ham aylangan zardga.

Qilmagan doriyu darmon qolmadi,
Yelib-yugurishdan armon qolmadi.

Dunyodan umidin uzar bo‘ldi u,
Oxirat kengashin tuzar bo‘ldi u.

Xullas, paymonasi to‘lganda butkul,
Kirdi eshigida ishlab yurgan qul.

Qulning tabiblikka daxli bor edi,
Unga shu asnoda omad yor edi.

Quldan bo‘ldimikan, Xalloqdanmi yo,
Hoja shifo topdi, ba haqqi xudo:

Ayo, qul, sen bo‘lding dardim davosi,
Qilgan xizmatingning yo‘qdir bahosi.

Sochayin boshingdan oltin va kumush,
Olgin xazinamdan eng katta ulush.

Istasang, mulkimning teng yarmin beray,
Yoki men qulimni shod, xurram ko‘ray.

Qul dedi: - Hozirman xizmatingizga,
Rahmat ham ayturman himmatingizga.

Hattoki xunning ham narxi bor, Xoja
Bebahoning bundan farqi bor, Xojam

Xoja o‘ylab dedi: - Nima ekan u?
Qandayin ne’mat u? Qandayin inju?

Aytgin armoningni, bajargum shu zum
Axir, sen tufayli ochiqdir ko‘zim.

Qul dedi: - Bir ne’mat bordir - bebaho
Unga sadqa bo‘lsin molu mulk, dunyo.

Falaklar bekordir uning qoshida,
Malaklar bekordir uning qoshida.

Unga nisbat bersa - qafasdir jannat
U shundoq tansiq his, tengi yo‘q ne’mat.

- Uning nomi ne deb, qistardi Xoja
Sirni bilmoqlikni istardi Xoja.

Qul dedi: - Bu ne’mat jondan-da totlik
Nomi Ozodlikdir, nomi Ozodlik!
1999 yil, avgust
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:52:17
AKTYOR

Bir kun tomoshaga tushib lahzada
Turfa aktyorlarni ko‘rib qaytibsan.
Lekin sen ularni faqat sahnada
Mavjud deb o‘ylasang, bekor aytibsan.

Chin aktyor san’at deb, bag‘rini tig‘lab
Amallab kunini ko‘rib yuradi.
Shunday insonlar bor, bir ko‘zi yig‘lab
Bitta ko‘zi esa kulib turadi.

Shunday insonlar bor, voy otam, deya,
Bir zumda o‘zgarar turqi, siyog‘i.
Lekin o‘sha mahal, o‘sha soniya
Onasin ko‘ksida turar oyog‘i.

Shunday insonlar bor, go‘yo yurtparvar
Yurtini ulug‘lar go‘yo har so‘zi.
Lekin razm solib qarasang agar,
Amal poyasida ikkala ko‘zi.

Shunday insonlar bor, xalqim der hamon
So‘zlaydi hamisha olib xalq yonin.
Bir qo‘li ko‘ksida, bir qo‘li biroq,
Tozalab turadi xalqning hamyonin.

San’atga umrini kim etmish fido,
Sharafi yuksalsin, olamni tutsin.
Hayotni o‘yin deb bilganning ammo
Tolei kulmasin, biri kam o‘tsin.
2000
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:52:28
YO’QLOV

O’lmas Umarbekov xotirasiga

Chehrangda tabassum balqirdi doim,
Ko‘ngil bog‘ing edi chechakli, gulli.
Arshi-a’loga ham sendek muloyim,
Xushsurat bandalar darkor shekilli.

Har zumda o‘limni kutib yashamoq
Uning o‘zidan ham dahshatliroq his.
Senga shunday yurak bermishdi Xalloq,
Boqding ajalning ham ko‘ziga munis.

Dunyoning tagiga o‘t ketsin, agar
Bag‘ridan yaxshini sitib chiqarsa.
Tole bo‘lolmagay qazoyi qadar,
Baxt asli tiriklik degan bir narsa.

O’lmas deb qo‘ymishlar ismingni, biroq
O’lim to‘lg‘izdi-ku umr jomingni.
Falakning bu ajib o‘yiniga boq:
O’lmas deb turibman endi nomingni!

Inson bolasiga sharafdir g‘oyat
Xalqi rozi bo‘lib, xotirga olsa.
Mening ushbu she’rim sen uchun shoyad
Do‘stlaring nomidan yo‘qlov bo‘lolsa.
2000
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:52:39
AJRIM

Dunyoning yarmini sayr etdi o‘g‘lon,
Kelib otasidan so‘radi ajrim:
- Chin do‘st topolmadim nega, otajon?
Ota esa jim.

Yana dunyo kezdi charchamay o‘g‘lon,
Yana otasidan so‘radi ajrim:
- Vafo topolmadim nega, otajon?!
Ota hamon jim.

- Nega savolimga bermaysiz javob?!
O’g‘lon turar edi nolakor, haqir.
Ota javob qildi uh tortib shu tob:
- Sen ham bor narsani axtar-da axir
2000
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:52:55
JAZO TOPQUSIDIR...

Birovga yomon so‘z aytsam men agar,
Tushunardim uning javobi qaytsa.
Chidardim o‘zimga sochishsa zahar,
Ginasi bo‘lsa gar yuzimga aytsa.

Kimdir Vataningga tosh otsa biroq,
Begunoh bandalar bag‘rin qilsa qon,
Sharhlab berolmayman bu holni mutloq
Buni tushunmayman aslo, hech qachon.

Senga she’rim yoqmas, kimimdir yoqma
Ayt, ne gunohi bor butun bir xalqning
Bilib qo‘y, bu daryo teskari oqmas,
Senga jazosi bor yaratgan Haqning!
2000 yil, avgust
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:53:07
MEN FAQAT...

Men faqat Sen uchun yashadim desam,
Bir oz lof bo‘lardi va bir oz yolg‘on.
Gohi bosganida to‘fon kabi g‘am,
Ko‘zimga ko‘ringay o‘zimdagi jon.

Sensiz ham yashadim desam men agar,
Desamki, sensiz ham tanamda bor jon
Ishongil, bu gapim baridan battar,
Yolg‘on bo‘lar edi, tamoman yolg‘on.
2000 yil, avgust
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:53:16
* * *

Me’mor umr bo‘yi hafsala ila
Go‘zal bir imorat ayladi bunyod.
Biroq nogahonda mash’um zilzila
Vayron qildi uni, qildi-ku barbod.

Xuddi shu singari, qurgaymiz biz ham
Umr deb atalmish go‘zal binoni.
Biroq yetib kelar mash’um so‘nggi dam,
Vayron etar uni ajal to‘foni.
2000 yil, avgust
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:53:26
* * *

Stadion guvlaydi,
Odam liq to‘la.
Bu yerda xam bo‘lmish turfa til, ovoz.
Ularning barchasin quchib bir yo‘la,
Do‘stim deb atamoq g‘alati bir oz.

Stadion guvlaydi,
Odam liq to‘la.
Faqat Haqqa ayon ular siyrati.
Ularning barchasin so‘kib bir yo‘la,
G’anim demoqlik ham ancha g‘alati.
2000 yil, avgust
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:53:35
QADAH

Turibman qo‘limda qadah shu palla,
Demak, jom so‘zimni aytmasam bo‘lmas
Sizga baxt tilashim mumkin baralla,
Lekin baxtli qilish qo‘limdan kelmas.

Tilayman albatta sog‘liq va umr,
Tuhfa qilolmasman lekin ularni.
Tilayman hech so‘nmas ilhom va surur,
Garchand berolmasman bu tuyg‘ularni.

Men faqat siz uchun orttirib alam,
Yo‘lingiz to‘smasman devorga o‘xshab.
G‘alvali dunyoda shuning o‘zi ham,
Mening nazarimda juda katta gap.
2000 yil, oktyabr
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:53:46
* * *

Mana bu hikmatga, do‘stim, sol quloq,
Balki senu menga bo‘lgay bir saboq.
Posbonning qovog‘i uyilgan bo‘lsa,
Hatto jannatga ham tortmaydi oyoq.
2000 yil 4 dekabr
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:54:00
XAROBAZOR

Dunyoda ming yillik xarobalar ko‘p,
Urushlardan yodgor, sellardan yodgor.
Mozorlar qalashib yotibdi to‘p-to‘p,
Aslida ular ham cho‘ng xarobazor.

Vujudimni teshar yillar shamoli,
Yurak tilka-tilka turfa ozordan.
Bolam, xabar olgin, tutmay zavoli,
Shoir deb atalgan xarobazordan.
2000 yil 4 dekabr
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:54:12
O’ZBEKMAN

Yangi bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlug‘ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda g‘ulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:

- Mana, men - O’zbekman, qo‘limda tu
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yo‘g‘im,
Shuning ichidadir men uchun oftob.

O’zbekman, inshoolloh, iymonim butun
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.

O’zbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida o‘zimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir bo‘lib,
Go‘dak yig‘isiga yo‘qdir toqatim.

O’zbekman, qanchalik jafo chekmayin,
O’zimga haq bo‘ldim, o‘zimga haqman.
Yashadim yovlarga bo‘yin egmayin,
Bu kun o‘z erkiga erishgan xalqman.

Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
O’tdim. Bismillohir rahmonir rohiy
2000
Nom: Re: Saylanma: Abdulla Oripov
Yuborildi: shoir 18 Oktyabr 2007, 17:54:25
NAVRO’Z

Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
2001
Nom: Re: Sanlanma. Abdulla Oripov
Yuborildi: AbdulAziz 24 Fevral 2010, 08:19:31
Saylanma. Abdulla Oripov

(http://www.ziyouz.com/images/books/abdulla_oripov.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=19)

Muallif: Abdulla Oripov
Hajmi: 226 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=19)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=389.0)