forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Islomiy kitoblar => Mavzu boshlandi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:14:37

Nom: Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Riyozatun-nafs)
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:14:37
Abu Homid G’azzoliy

RIYOZATUN - NAFS
(Nafs tarbiyasi)


Toshkent
«Movarounnahr»
2006

Tarjimon va so‘zboshi muallifi filologiya fanlari nomzodi Rashid Zohid
Muharrir: Nurboy Abdulhakim
Musahhih: Akrom Dehqon

Ushbu kitob ulug‘ imom «hujjatul-islom» Muhammad ibn Muhammad ibn Ahmad Abu Homid at-Tusiy G’azzoliyning Bayrutda nashr etilgan IV jildlik «Ihyou ulumid-din» asaridan tarjima kilingan.
«Riyozatun-nafs» kitobida ziddiyatlarga to‘la inson tabiati, uning ichki olamida kechadigan ma’rifiy takomul jarayoni jonli va ajib manzaralar orqali aks ettirilgan.
Axloq fanidan dars beruvchi bu manba islomiy tarbiya asoslari bilan qiziquvchi kitobxonlarga keng va chuqur ma’lumotlar beradi.


QALB TIBBINING TABIBI

Butun olamlarni yaratgan Zot jamiki maxluqoti ichidan insonni tanladi. Inson tiliga kalom quvvatini berib, so‘ylatti. Diliga iymonni, aqliga tafakkurni joylab, o‘ylatti. Kimdir mo‘‘jizalarga to‘la olam ichra singib ketdi, balki murodiga yetdi. Kimgadir qalam berildi, hayrat sari yo‘l oldi va hayratlanib qoldi...
Ajib! «Riyozatun-nafs» kitobini o‘qib, xayoldan shunday o‘ylar kechdi. Haqiqatan ham inson nazarida ufqlarga tutashib ketgan bu dunyoning cheki yo‘qdek. Lekin bunga o‘xshagan, balki bundan-da ulkan qancha-qancha dunyolarni o‘z ichiga olgan olamlar oldida biz yashayotgan dunyoning «cheksiz»ligi nima degan gap?!
Xo‘sh, ojiz aqlimiz bilan olamlar sarhadini tasavvur qildik ham deylik. Ayting-chi, bu so‘ngsiz ulkanlikni yaratgan Zotning Ulug‘ligini tasavvurga sig‘dirish mumkinmi? Ko‘zi-miz bitta tomchining chegarasiga yetolmay tolsa-yu, butun boshli dengizni qamrab olishga chog‘lansa! Har qanday sog‘lom aql bu ishning imkonsiz ekanini tan oladi.
Endi tafakkur qiling. Shunday ulug‘ Zot sizu bizni barcha mavjudotidan afzal bilsa: tish berdi: so‘ylaymiz, izhori dil qilamiz, bir-birovni tushunishga, og‘irini yengil qilishga urinamiz. Aql berdi: o‘ylaymiz, «oq»ni «qoradan ajratamiz, o‘zimizga va o‘zgaga zarar yetmaydigan yo‘lni — to‘g‘rilikni tanlaymiz. Qalbimizga iymon gavharini joyladi: bizdan boy yo‘q, har nafasda azizlikni his etamiz, xotirimiz jam. Tilu dilimiz-da roziylik, bizni inson naslidan, mo‘minlar jumlasidan qilgan, qo‘limizga qalam ushlatgan Zotga shukronamiz behad. Butun insoniyatni hidoyat yo‘liga boshlagan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga solavot va salomlar yo‘llaymiz.
Ollohning marhamati bilan Vatanimiz umid baxsh yangilanishlar sari qadam tashlamoqda. Xususan, ma’naviyat olamida ro‘y berayotgan hodisalar tahsinga sazovordir. O’zbek kitobxonlari dinimiz tarixini o‘rganishga sog‘lom saviya bilan yondasha boshladi, qadriyatlar tiklanyapti. Azaldan boy diniy-ma’rifiy merosimiz xazinasi bugungi ehtiyojlar doirasida yanada boyidi. Turli mavzudagi rang-barang asarlar kitob rastalarini bezayapti.
Ayniqsa, islom tarixida «Hujjatul-islom» nomi bilan mashxur olim Abu Homid G’azzoliyning asarlari so‘nggi yillarda o‘zbek kitobxonlarining e’tiborini qozondi. Asliyatdan va usmonli turk tilidan o‘girilgan tarjimalar allaqachon xalqimiz orasida ommalashib bo‘ldi. O’zbek o‘quvchisi-da G’azzoliy va uning asarlari haqida qaysidir darajada muayyan qarash shakllandi.
Fursatdan foydalanib, ulug‘ olim Abu Homid G’azzoliyning muxlisi, qolaversa, bir tarjimon sifatida kamina ba’zi taassurotlarini siz o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashish umidida. Shoyad, bildirilmoqchi fikrlar mutolaa jarayonida paydo bo‘lishi mumkin ayrim qorong‘i jihatlarni oydinlashtirishga ko‘mak bersa.
«Riyozatun-nafs» kitobi «Ibodatlar», «Odatlar», «Muh-likot» va «Munjiyot» deb nomlangan to‘rt bo‘limni o‘z ichiga oluvchi mashhur «Ihyou ulumid-din» asarining uchinchi bo‘limidan tarjima qilindi.
«Tavba kitobi» (-T; Movarounnaxr, 2003)ga yozilgan so‘zboshida aytilganidek, mazkur ishda ham arab tili tabiatidagi «siqiqlik», takrorlarning odatiyligi ayrim jumlalarni kengaytirib, ba’zan esa takrorlardan qochib, jumlalarni qisqartirib tarjima qilishga sabab bo‘ldi. Asliyat mazmunini to‘g‘ri yetkazish birlamchi vazifa ekanini unutmagan holda, matnni iloji boricha o‘zbek adabiy tili qoidalariga muvofiklashtirdik. Asliyatdagi shakl to‘la saqlanishi lozim deb topilgan o‘rinlarda qavs ichida tarjimon izohi berib borildi.
«Riyozatun-nafs» kitobi «Axloq tarbiyasi va qalb xastaliklaring muolajasi», yaxshi va yomon xulq mohiyati, go‘zal xulqqa erishish yo‘llari, farzand tarbiyasi, murshid va murid munosabati kabi bir necha mavzularda bahs yuritadi.
Olim qaysi mavzuda so‘z yuritmasin, masalaning ichki tomonini yoritishga e’tiborini qaratadi. Zohirning mavjudligini ichki sabablar belgilashini isbotlaydi. G’azzoliy insonning ichki olamidagi o‘zgarishlarni bamisoli mohir tabibdek kuzatadi. Tashqaridan alohida-alohida ko‘ringan a’zolarning ko‘z ilg‘amas daqiq, ammo o‘zaro chambarchas bog‘-langan umumiy tomonlarini topadi va yuzaga toshib chiqqan «yara»larning manbai ichkarida ekanini anglatadi. Bil’aks, bir butun ko‘ringan qismni alohida-alohida a’zolarga ajratib, har a’zodagi illatlar ustidan o‘ta nozik «jarrohlik amaliyoti»ni olib boradi.
Shu tarzda G’azzoliy har bir o‘kuvchiga qalb xastaligining muolaja yo‘lini o‘rgatadi va eslatadi: «Har bir aql egasi tibbiyotning qalb bilan bog‘liq jihatlaridan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Chunki, birorta inson yo‘qki, qalb xastaligidan xoli bo‘lsa...»
G’azzoliy bir o‘rinda «qalb tibbi» degan iborani qo‘llaydi: «...bugun qalb xastaligi dardi bedavoga aylandi, «qalb tibbi», hatto «qalb xastaligi yo‘q narsa» degan da’vo bilan bu dardning mavjudligi inkor qilindi. Natijada xalq dunyoga muhabbat qo‘yishga, zohiri ibodat, botini odat va riyodan iborat amallarga yuz burdi».
Qarang, o‘n asrlar muqaddam tasvirlangan voqelik bugungi kunga naqadar muvofiq!
So‘zimiz avvalida ufqlarga tutashib ketgan dunyoning ulkanligi haqida gapirgan edik. Zohir ko‘zi balan qaraganda haqiqatan ham dunyoning cheki yo‘qdek. Biz kimmiz bu «cheksiz-likning qarshisida! Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘tgan ulug‘lar dunyoni «olami kabir» (katta olam), insonni «olami sag‘ir» (kichik olam) deyishgan.
Ammo ba’zi ulug‘lar buning ziddini aytishgan: «Inson — olami kabir, uni o‘rab turgan tashqi olam esa-olami sag‘ir». Balki, Ulug‘ Zotning nazariga musharraf bo‘lish e’tibori bilan qaralsa, haqiqatan ham inson o‘zini o‘rab turgan dunyodan ulug‘roqdir. Olloh nazariga sazovor qalb qarshisida bu dunyo tugul, barcha olamlar nima degan gap!
Qalb tibbining tabibi G’azzoliy hazratlari bizni shu ulug‘lik sari chorlaydi, buni unutish halokat ekanidan ogoh etadi.

Tarjimondan
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:20:05
AXLOQ TARBIYASI VA QALB XASTALIKLARINING MUOLAJASI

O’zining tadbiri bilan ishlarni tartibga solgan, mo‘‘tadillikni xulqqa chiroy etib bergan, insonni eng go‘zal shaklu shamoyil bilan ziynatlab, uni ziyodayu nuqsondan asragan Olloh taologa hamd bo‘lsin! U Zot axloqni yaxshilash vazifasini bandasining jiddu jahdiga topshirdi. O’zining tavfiqi bilan xos bandalariga axloq tarbiyasi yo‘lidagi mashaqqatlarni oson qildi.
Nubuvvat nurini taratib, haqiqat yo‘llarini yoritgan, go‘zallikda komil axloqi bilan bashariyatga namuna bo‘lgan Ollohning quli, suyukli payg‘ambari, xushxabar berguvchi va ogohlantirguvchi Muhammad Mustafoga salavot va salomlar bo‘lsin!
Botildan batamom uzilib, zulmatdan nur sari talpingan, har qanday holatda haq dinga zarracha gard yuqtirmagan, Olloh va rasuliga sodiq Payg‘ambarimiz ahli baytlari va sahobayi kiromlarga salavot va salomlar yog‘ilsin!
Yaxshi xulq mursallar sayyidining sifati, siddiqlar amalining afzali, muttaqiylar mehnatining mevasi, obidlar riyozatining natijasi, yanada to‘g‘rirog‘i, yaxshi xulq dinning yarmidir.
Yomon xulq o‘tkir zahar, xor qiluvchi buzuqlik, olamlar Parvardigoridan uzoqlashtiruvchi razolat, yanada to‘g‘rirog‘i, shaytonning xizmatiga yollanishdir.
Yaxshi xulq Rahmon huzuridagi jannat ne’matlariga ochib qo‘yilgan qalb eshigi bo‘lsa, yomon xulq  — jahannamga ochib qo‘yilgan eshik. Jahannam esa yoqib qo‘yilgan bir olovdirki, alangasi badanlarni teshib o‘tib, yuraklarga qadar yetadi.
Qabih axloq — qalb xastaligi, jonlarni o‘rtovchi og‘riqdir. Jasadning tirikligi tugashi bilan poyoniga yetadigan dunyodagi barcha og‘riqlar qalb og‘rig‘i oldida hech narsadir. Jismoniy dard foniy hayot kabi o‘tkinchi. Lekin yomon xulq tufayli qalb xastalansa, abadiy hayot boy beriladi. Malakali tabiblar jasadga qanchalik e’tibor berishmasin, foniy hayotning o‘tkinchiligini anglashdan boshqa natijaga erisholmaydilar. Shunday ekan, ular abadiy hayotni boy berib qo‘yishga sabab bo‘ladigan qalb xastaliklariga ko‘proq e’tibor qaratishlari avloroq emasmi?!
Har bir aql egasi tibbiyotning qalb bilan bog‘liq jihatlaridan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Chunki, bironta inson yo‘qki, qalb xastaligidan xoli bo‘lsa. Agar qalbga e’tibor susaysa, botiniy illatlar ko‘payadi va ular asta-asta yig‘ilib, hatto zohirda ko‘rina boshlaydi.
Shuning uchun banda qalb xastaligi va uning sabablaridan o‘ta ziyraklik bilan ogoh bo‘lishga muhtoj. Ana shunda u bu dardning davosiga yeng shimarib kirishishi mumkin. Bu xastalikning muolajasi Olloh taoloning ushbu so‘zida aytilgan: «Darhaqiqat, uni (ya’ni o‘z nafsini-jonini iymon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi»  (Vash-shams, 9).
Bu xastalikka e’tiborsizlikning oqibati quyidagi oyatda zikr etilgan: «Va u (jonini fisqu fujur bilan) ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi» (Vash-shams, 10).
Bu kitobda axloq tarbiyasi va uning yo‘l-yo‘riqlari xususida so‘z boradi. Qalb muolajasining idroki oson bo‘lishi uchun mavzu davomida jism muolajasidan misollar keltiriladi. Keyin husni xulq mohiyati, axloq tarbiyasi, nafsni tarbiyalash yo‘llari, qalb xastaligining alomatlari, nafsning ayblari va ularning belgilari,  qalb muolajasida shahvatlarni tark etishning ahamiyati va bu xususda naql qilingan dalillar, husni xulq alomatlari, bola tarbiyasining ilk davri, muridlik shartlari haqida zikr qilinadi. Mazkur kitob o‘n bir fasldan iborat.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:37:31
GO’ZAL XULQ FAZILATI VA YOMON XULQ MAZAMMATI

Olloh taolo o‘zining suyukli Payg‘ambarini maqtab, u zotta bergan ulug‘ ne’matini shunday eslatadi: «Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz» (Qalam, 4).
Oisha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh solallohu alayhi vasallamning xulqi Qur’on edi» (Muslim rivoyati).
Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomdan go‘zal xulq haqida so‘radi. Rasululloh ushbu oyatni o‘qidilar: «Afv-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring!» (A’rof, 199).
Keyin dedilar: «Go‘zal xulq — aloqani uzgan (qardoshing)ga bog‘lanmog‘ing, sendan qizg‘angan kishiga bermog‘ing, senga zulm qilganni kechirmog‘ingdir» (Anas rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Men go‘zal xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim».
Yana aytdilar: «Qiyomat kunida mezonning taqvo va husni xulq turgan pallasi naqadar og‘ir bo‘ladi!» (Abu Dovud, Termiziy rivoyatlari).
«Bir kishi Rasululloh ro‘paralariga kelib:
—   Ey Ollohning rasuli, din nima? deb so‘radi.
—   Go‘zal xulq, dedilar.
U kishi sarvari olamning o‘ng tomoniga o‘tib, yana savol qildi:
—  Din nima, ey Ollohning rasuli?
—   Go‘zal xulq, deb javob berdilar. Keyin so‘l tomonlariga o‘tib, yana:
—  Din nima, ey Ollohning rasuli? deb so‘radi.
—   Go‘zal xulq, dedilar Rasuli akram. So‘ng orqalariga o‘tib:
—   Ey Ollohning rasuli, din nima? deya qayta so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom u kishi tomon o‘grilib:
—   Go‘zal xulq, (go‘zal xulq esa) g‘azablanmasligingdir, endi tushundingmi?! dedilar» (Marvaziy rivoyati).
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi:
—   Badbaxtlik nima, yo Rasulalloh?
—  Yomon xulq! dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
—   Menga nasihat qiling, dedi.
—  Doimo Ollohdan qo‘rq! dedilar.
—  Yana nasihat qiling, dedi u kishi.
—  Yomonlikning izidan uni o‘chiradigan bir yaxshilikni ergashtir!
—  Yana nasihat qiling.
—   Odamlarga go‘zal xulq bilan muomala qil, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Termiziy rivoyati).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:39:21
Payg‘ambar alayhissalomdan so‘raldi:
—  Amallarning afzali qaysi?
—  Go‘zal xulq! dedilar.
Fuzayl ibn Iyoz aytadi: «Payg‘ambar alayhissalomga:
—   Falonchi ayol kunduzlari ro‘za tutadi, kechalari bedor bo‘lib, namoz o‘qiydi. Biroq uning xulqi yomon: qo‘shnilariga tili bilan aziyat yetkazadi, deyishdi.
Shunda Rasuli akram:
—  Uning bu ishlarida xayr yo‘q. U ayol jahannam ahlidandir, dedilar»
Abu Dardo dedi: «Rasulullohning shunday deganlarini eshitdim; «(Qiyomatda) taroziga qo‘yiladigan narsalarning eng avvalgisi go‘zal xulq va saxovatdir. Olloh taolo Iy-monni yaratdi. Shunda Iymon: «Ey Ollohim, meni quvvatlantir» dedi. Olloh uni go‘zal xulq va saxovat bilan quvvatlantirdi. Olloh taolo kufrni yaratdi. Shunda kufr: «Ey Olloh, meni quvvatlantir» dedi. Olloh uni baxillik va yomon xulq bilan quvvatlantirdi» (Hadisning boshqa rivoyati Abu Dovud va Termiziy «Sunan»ida keltirilgan).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Olloh bu dinni O’zi uchun tanladi. (Ya’ni bu dinning har bir amali xolis Olloh uchun bo‘lishi lozim.) Karam va go‘zal xulq bo‘lsagina Olloh diningizni isloh qiladi. Bas, diningizni karam va go‘zal xulq bilan ziynatlang» (Doruqtuniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: «Odamlarga mollaringiz bilan emas, ochiq chehra va go‘zal xulq bilan yuzlaning» (Bazzor rivoyati).
Rasuli akram aytdilar: «Sirka asalni buzgani kabi yomon xulq amalni buzadi» (Ibn Hibbon rivoyati).
Barro ibn Ozibdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar ichida chehrasi va xulqi eng go‘zal inson edilar» (Xaroitiy rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh ko‘p duo qilar va der edilar: «Ollohim! Sendan sihhat, ofiyat va go‘zal xulq(berishing)ni so‘rayman» (Xaroitiy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlari Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Mo‘minning saxovati — uning dini, go‘zal xulqi — uning marta-basi, mardligi — uning aqlidir» (Ibn Hibbon rivoyati).
Usoma ibn Shariykdan rivoyat qilinadi: «Rasuli akramdan a’robiylar:
—   Bandaga berilgan narsalarning eng yaxshisi nima? deb so‘rashdi.
—   Go‘zal xulq, dedilar Rasuli akram» (Ibn Moja rivoyati),
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Sizlarning orangizda menga suyuklirog‘ingiz va Qiyomat kunida menga yaqinroq bo‘ladiganingiz axloqi go‘zallaringizdir» (Ta-baroniy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Uchta xislat bor. Kimda o‘sha uchta xislatdan bittasi bo‘lmasa ham qilgan amali hisobga o‘gmaydi. Bu — Ollohga ma’siyat qilishdan to‘sadigan taqvo, ahmoqni jilovlaydigan halimlik, odamlar orasida xushxulqlik» (Tabaroniy rivoyati).
Namozni boshlashlaridan avval Rasuli akram shunday duo qilardilar: «Ollohim, meni go‘zal axloqqa hidoyat qil. Sendan o‘zgasi meni chiroyli xulqqa hidoyat qilolmas. Ollohim, yomon xulqni mendan uzoqlashtir. Sendan o‘zgasi bu ishni qilolmas» (Muslim rivoyati).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:40:00
Anas ibn Molik roziyallohu anhu deydi: «Bir kuni Rasululloh bilan birga edik, dedilar: «Quyosh muzni eritgani kabi go‘zal xulq ham gunohlarni eritib yo‘qotadi» (Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Go‘zal xulq er kishining saodatidir» (Bayhaqiy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom Abu Zarga dedilar: «Ey Abu Zar! (Bilgilki), tadbir kabi aql yo‘q, go‘zal xulq kabi mavqe yo‘q» (Ibn Moja rivoyati).
Ummi Habiba Rasuli akramdan so‘radi:
—  (Yo Rasulalloh), bir ayol ikki marta erga tekkan bo‘lsa, keyin u ayol ham, ikkala er ham dunyodan o‘tsa va barchasi jannatga kirsa, ayol qaysi erga tegishli bO’ladi?
—  Dunyo hayotida qaysi erning xulqi go‘zal bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanga tegishli bo‘ladi. Ey Ummi Habiba! Go‘zal xulqni dunyo va oxirat yaxshiligi bilan beza!» (Bazzor va Taba-roniy rivoyatlari).
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «To‘g‘ri musulmon o‘zining go‘zal xulqi va saxovati bilan kunduzlari ro‘zador, kechalari ibodatda bedor kishi darajasiga yetadi» (Imom Ahmad rivoyati).
Abdurahmon ibn Sumra deydi: «Payg‘ambar alayhissalom huzurlarida edik, dedilar: «Ertalab ajib tush ko‘rdim. Ummatimdan bir kishi tiz cho‘kkan holida turardi. Olloh va uning o‘rtasini parda to‘sgan edi. Bir payt uning go‘zal xulqi kelib, egasini Olloh taoloning huzuriga kiritdi» (Xaroitiy rivoyati).
Rivoyat qilinadi, Umar ibn Xattob Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga kirishga izn so‘radi. O’sha payt Payg‘ambar alayhissalom huzurlarida qurayshlik ayollar bor edi. Ular baland ovozda Rasulloh bilan gaplashardilar. Umar roziyallohu anhuga kirishga izn berilgach, ayollar shosha— pisha ro‘mollarining u yog‘, bu yog‘ini tuzata boshlashdi. Umar kirgach, Rasululloh kuldilar. Shunda Umar:
—   Ota-onam Sizga fido bo‘lsin, ey Ollohning rasuli, nega kulyapsiz? — dedi.
—   Anavi ayollarga ajablanyapman. Sening ovozingni eshitib, shoshib qolishdi, dedilar Rasuli akram.               
—   Axir ular mendan emas, Sizdan tortinishlari kerak. Siz bunga haqliroqsiz, ey Ollohning rasuli, deya Umar ayollar tomonga yuzlandi va:
—  Ey, o‘z joniga o‘zi dushman xotinlar! Nima, mendan hayiqib, Ollohning rasulidan hayiqmaysizlarmi? dedi.
—  Ha, siz Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga qaraganda qo‘pol va qo‘rs odamsiz, deyishdi qurayshlik ayollar.
Shunda payg‘ambar alayhissalom:
—   Ey Xattobning o‘g‘li! Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, shayton hech qachon senga ro‘parama-ro‘para kelolmaydi, Balki (sendan hayiqqanidan) boshqa ko‘chadan yuradi» (Muttafaqun alayh).                                                 
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Yomon xulq kechirilmaydigan gunoh, yomon gumon esa hidi tez tarqaluvchi xatodir» (Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Banda o‘zining yomon xulqi tufayli jahannamning eng tubiga qulaydi» (Tabaroniy rivoyati).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:41:58
Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasidan so‘radi:
—  Otajon, insondagi xislatlarning qaysisi yaxshiroq?
—  Dini, dedi Luqmoni Hakim o‘g‘liga.                     
—   Demak, ikkitami: dini va moli? Yo uchtami: dini, moli va hayosi? Yoki to‘rttami: dini, moli, hayosi va go‘zal xulqi? Yoxud beshtami: dini, moli, hayosi, go‘zal xulqi va saxovati? Yo oltitami...? deya yaxshi xislatlarni bir-bir sanayotgan o‘g‘liga ota:                                                             
—   Bolajonim, agar kishida bu beshta xislat jamlanilsa, demak u, haqiqiy muttaqiy, Ollohning do‘sti, shaytondan xalos bo‘lgan insondir».
Hasan Basriy deydi: «Kimning xulqi yomon bo‘lsa, o‘zini o‘zi qiynaydi».
Anas ibn Molik aytadi: «Shunday banda bor, chiroyli xulqi bilan jannatning baland darajalariga yetadi, garchi obid bo‘lmasa ham. Shunday banda bor, yomon xulqi sababli do‘zaxning eng quyi qavatlaridan joy oladi, garchi obid bo‘lsa ham».
Yahyo ibn Muoz deydi: «Axloqning kengligi rizqlar xazinasidir».
Vahb ibn Munabbih aytadi: «Yomon xulq chil-chil singan ko‘zaga o‘xshaydi. Uni na yamab bo‘ladi, na loy holatiga qaytarib».
Fuzayl ibn Iyoz deydi: «Menga xulqi yomon obidning hamroh bo‘lganidan ko‘ra, xulq;: yaxshi fojirning hamroh bo‘lgani suyukliroq».
Junayd Bag‘dodiy aytadi: «To‘rtta sifat bandani yuksaklarga ko‘taradi. Garchi uning ilmi va amali kam, lekin tabiati halim, tavozu’li, qo‘li ochiq-saxiy va xulqi chiroyli bo‘lsa, bu iymonning mukammalligidan darak».
Umar roziyallohu anhu dedi: «Go‘zal axloqingiz bilan odamlarga qo‘shiling, solih amallaringiz bilan ulardan ajrab turing».
Yahyo ibn Muoz aytadi: «Yomon xulq yonida qancha yaxshiliklar bo‘lsa ham foyda bermaydi. Yaxshi xulq yonida qancha yomonliklar bo‘lsa ham zarar bermaydi».
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan: «Mukarramlik nima?» deya so‘raldi. «Olloh taoloning Kitobida bu haqda shunday deyilgan, dedi Ibn Abbos va quyidagi oyatni o‘qidi: «Albatta sizlarning Olloh nazdida eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot, 13).
—   Hasab nima? deya so‘raldi,
—  Orangizda kimning xulqi go‘zal bo‘lsa, hasab (mavqe-martaba) jihatidan eng afzalingiz o‘shadir. Har bir binoning asosi bo‘ladi. Islomning asosi — go‘zal xulq».
Ato deydi: «Baland darajaga faqat go‘zal xulq bilan yetiladi. Hech bir kishi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoda bo‘lganidek go‘zal xulq kamoliga erishmagan. Solihlar go‘zal xulq bilan Olloh taologa yaqin bo‘lishgan».
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:43:08
YAXSHI VA YOMON XULQ MOHIYATI

Bilgil! Odamlar go‘zal xulqning mohiyati, uning nima ekanligi haqida ko‘p gapirdilar, lekin aslni ochib berolmadilar. Go‘zal xulq mevalarini sanadilar, ammo bunda to‘la qamrab ololmadilar. Balki, xotiriga nima kelsa, o‘sha payt zehnida nima bo‘lsa gapirdilar, go‘zal xulq chegaralariga e’tibor qaratmadilar. Go‘zal xulqning barcha samaralarini o‘z ichiga olgan mohiyatni mufassal bayon qilolmadilar.
Hasan Basriy deydi: «Husni xulq — ochiq yuzli, xayru saxovatli bo‘lish, ozor berishdan tiyilishdir».
Vositiy aytadi: «Go‘zal xulq — xusumatlashmasliqdir. Ma’rifati kuchli, ya’ni Ollohni taniydigan inson hech qachon dushmanlikka bormaydi».
Shoh Kirmoniy deydi: «Go‘zal xulq — ozorlardan tiyilish va mashaqqatga sabr-toqatdir».
Ba’zilarning aytishicha, go‘zal xulq — odamlarga yaqin bo‘lish va ulardan sodir bo‘ladigan yomonliklardan chetda turishdir.
Vositiy deydi: «Go‘zal xulq yaxshiyu yomon kunda xalqni rozi qilishdir».
Abu Usmon deydi: «Go‘zal xulq Olloh taolodan rozilikdir».
Sahl ibn Tustariydan go‘zal xulq haqida so‘rashdi: «Go‘zal xulqning eng quyi darajasi mashaqqatlarni ko‘tarish, mukofotdan kechish, zolimga rahm-shafqat qilib, unga mag‘firat tilash, dedi u».
Hazrat Ali karramallohu vajhahu dedi: «Go‘zal xulq uchta xislat bilan hosil bo‘ladi: haromdan tiyilish, halolni izlash, ahliga bag‘rini keng qilish».
Abu Said Xarroz aytadi: «Olloh taolodan boshqa g‘ami bo‘lmagan kishinigina go‘zal xulq sohibi deyish mumkin».
Go‘zal xulq haqida bu va bunga o‘xshash misollar ko‘p. Bularning barchasi go‘zal xulqning o‘ziga emas, balki uning mevalariga berilgan ta’riflardir. Shuningdek, bu ta’riflar go‘zal xulq beradigan mevalarning barchasini qamrab ham ololmaydi. Haqiqat yuzidan pardani ko‘tarish anvoyi so‘zlarni naql qilishdan avloroqdir.
«Xulq» va «xuluq» birgalikda qo‘llanuvchi so‘zlardir. Masalan: «falonchining xulqi va xuluqi go‘zal» deyilsa, uning botiniy va zohiriy go‘zalligi tushuniladi. «Xuluq» zohirga, «xulq» botinga dalolat qiladi. Negaki, inson ko‘z bilan ko‘riladigan jasaddan va basirat bilan anglanadigan ruh, nafs (jon)dan iborat. Ularning har birida o‘ziga xos holat va surat bor. Bu holat va surat chiroyli yoki xunuk bo‘lishi mumkin.
Basirat bilan anglanadigan jon-ruhning ko‘z bilan ko‘riladigan jasaddan qadri ulug‘dir. Zero, Olloh taolo shunday deydi:
«Eslang, Parvardigorigiz farishtalarga degan edi: «Albatta men loydan bir odam Yaratguvchidirman. Bas, qachon uni tiklab, unga O’z ruhimdan puflab kirgizganimdan so‘ng unga sajda qilgan hollaringda yiqilinglar!» (Sod, 71-72).
Oyatda jasadning loy-tuproqqa, ruhning olamlar Parvardigoriga Mansubligi eslatilyapti, Bu o‘rinda ruh va nafs (jon) bildirgan ma’no bittadir. Xulq nafs(jon)ga mustahkam o‘rnashgan hay’at (holat) bo‘lib, bu hay’atdan hech bir ikkilanishlarsiz, mashaqqatsiz, o‘y-fikrlarga hojat sezilmasdan, osongina fe’llar sodir bo‘ladi. Agar bu hay’atdan aql va shariatga muvofiq maqtalgan va chiroyli fe’llar sodir bo‘lsa, uni «husni xulq» ya’ni go‘zal xulq deb, agar ziddi bo‘lsa, yomon xulq deb nomlanadi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:46:34
Xulq — nafsda mustahkam o‘rnashgan holat, dedik. Buning sababini shunday izohlash mumkin. Masalan, faqat ehtiyoj tug‘ilgan paytdagina, ya’ni kamdan-kam holatda molini sarflaydigan kishini saxiy deya olamizmi? Yo‘q! Chunki, bu holat uning nafsida sobit emas. Shuning uchun u molini ixtiyoriy suratda emas, qandaydir ichkiyu tashqi bosimlar ostida, boshqa iloji qolmagani uchun sarflaydi.
Qachonki kishi molini qiynalib sarflasa yoki g‘azabi kelganda chiranib, har xil o‘y-fikr, ikkilanishlar bilan o‘zini bossa, bu hali uning xulqida saxovat va halm paydo bo‘ldi degani emas.
Xulq haqida to‘laqonli tasavvur hosil qilish uchun to‘rtta narsani nazardan qochirmaslik kerak. Birinchisi, yaxshi va yomon fe’l. Ikkinchisi, yaxshi va yomon fe’lni qilishga qodirlik. Uchinchisi, yaxshi va yomon fe’ldan xabardorlik. To‘rtinchisi, nafsning holati bo‘lib, nafs doimo yo yaxshilikka, yo yomonlikka moyil bo‘ladi, bu ikki ishdan biriga erishish unga oson kechadi.
Xulq fe’ldan iborat emas. «Saxiy» deb tanilgan qancha kishilar bor, boridai ajrab qolishdan qo‘rqib yoki boshqa moneliklar sababli molini sarflamaydi. Qancha baxil kishilar bor, molini bekorga berish uchun sarflaydi.
Xulq quvvatdan iborat emas. Chchnkn, quvvatni ham saxiylik, ham xasislikka bog‘lasak, bitta narsada ikkita zidlikni jamlagan bo‘lamiz. Har bir nnson saxovat etish va ziqnalnk qilish imkoniyati bilan, ya’ni saxovat va ziqnalikka qodirlik fitrati bilan yaratilgan. Shuning uchun bu fitrat insonga na baxillik xulqini, na saxiylik xulqini yuklaydi.
Xulq ma’rifatdan ham iborat emas. Chunki, ma’rifat yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va xunuklik tugunchalarining barchasiga barobar taalluqlidir (ya’ni, go‘zal xulq faqat yaxshilikni tanib, bilishni emas, balki yomonlikdan ham xabarli bo‘lishni taqozo etadi).
Xulq hay’at(holat)dan iboratdir. Nafs shu holatdan kelib chiqqan holda «beradi» yo «qizg‘anadi». Demak, xulq nafsning ichki holati va suratidan iborat. Masalan, tashqi ko‘rinishning go‘zalligi faqat ikkita ko‘zning chiroyli bo‘lishi bilan to‘la bo‘lmaydi. Balki, tashqi chiroy mukammal bo‘lishi uchun burun ham, og‘iz ham, yonoq ham, barcha a’zolar unga muganosib go‘zal bo‘lishi lozim.
Shuningdek, botinda ham to‘rtga rukn bor, ularning go‘zalligisiz xulq go‘zal bo‘lmaydi. Qachonki, shu to‘rt rukn o‘zaro mutanosib bo‘lsa, go‘zal xulq hosil bo‘ladi. Bular: ilm quv-vati, g‘azab quvvati, shahvat quvvati va ushbu quvvatlar orasidagi adolat, ya’ni mo‘‘tadillik quvvati (Bu va keyingi sahifalarda shahvat deyilganiga faqatgina jinsiy munosabatga aloqador tushunchalar emas, balki dunyoga bog‘liq barcha istak va ishtahalar nazarda tutiladi. Tarj.).
Ilm quvvatining go‘zal va manfaatli bo‘lishi — so‘zlarda to‘g‘ri va yolg‘onning, e’tiqodla haq va botilning, fe’llarda chiroyli va xunukning orasini oson va yengil farqlay bilish bilan belgilanadi. Ilm quvvati sog‘lom bo‘lar ekan, undan hikmat mevalari hosil bo‘ladi. Hikmat esa go‘zal axloqning boshidir:
«U O’zi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi. Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, bas, muhaqqaqki, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Va’z_eslatmalarni faqat ahli donishlargina oladilar» (Baqara, 269).
G’azab quvvatining go‘zal holati hoh u. kuchaysin, xoh pasaysin hikmat taqozo qiladigan darajada bo‘lishidir.
Shuningdek, shahvat quvvatining go‘zal va munosib shaklda bo‘lishi hikmat ishorasi ostida, yani shariat va aql ko‘rsatmasi doirasida bo‘lishi bilan belgilanadi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:50:10
Adolat quvvati shahvat va g‘azabni shariat va aql ko‘rsatmasi ostida ushlashdir. Aql bamisoli, yo‘l ko‘rsatuvchi nasihatgo‘y. Adolat esa aql ko‘rsatmasini bajaruvchi kuch. G’azab bamisoli, ovchi it. U nafs istagidagi hayajon bilan emas, balki bitta ishora bilan chopib, bitta ishora bilan to‘xtash darajasida tarbiyaga muhtoj. Shahvat esa bamisoli, ovga miniladigan ot. U ba’zan tarbiya ko‘rgan, yuvosh. Ba’zan asov, qaysar.
Kimda bu xislatlar mo‘‘tadil bo‘lsa, demak uning xulqi go‘zal. Aks holda. Ko‘z oldimizda a’zolarining biri chiroyli, boshqasi xunuk manzara gavdalanadi.
G’azab quvvatining go‘zal va mo‘‘tadil holatidan shijoat tug‘iladi. Shahvat quvvatining go‘zal va mo‘‘tadil bo‘lishidan iffat hosil bo‘ladi.
Agar g‘azab quvvati me’yordan oshsa, bemulohaza so‘zlar, o‘zni tuta bilmaslik kabi nojo‘ya harakatlar yuzaga chiqadi. G’azab quvvati me’yordan pasaysa, qo‘rqoqlik tug‘iladi.
Agar shahvat quvvati mo‘‘tadil holatdan oshsa, ochko‘zlik, pasaysa, faoliyatsizlik boshlanadi.
Demak, eng maqtovga sazovor holat mo‘‘tadillik bo‘lib, bu fazilatdir. Me’yordan oshgani ham, pasaygani ham faqat mazammat(so‘kish)ga loyiq holat bo‘lib, bu nuqsondir.
Adolat tushunchasida oshish va kamayish xususiyati yo‘q. Ya’ni adolat ko‘payib yo ozayib ketgani uchun buzilmaydi. Balki uning ro‘parasida bitta qarshi kuch — zulm bor.
Har qanday narsa haddan oshsa, sifati o‘zgaradi. Jumladan, hikmatni ham behuda, buzuq g‘arazlar yo‘lida ishlataverish, uni keraksiz narsaga aylantirib qo‘yadi. Hikmatga e’tiborsizlik esa ahmoqlikni keltirib chiqaradi. O’rtalik, mo‘‘tadillik hikmatga ham xos fazilatdir.
Demak, axloqning asosi to‘rtta: hikmat, shijoat, iffat va adl (adolat).                                                                       
Biz hikmat deganda nafsning holatini nazarda tutyapmiz. Shu holat orqali ixtiyorimizga bog‘liq fe’llardagi  xatoni o‘nglash idrok qilinadi.
Adolat ham nafsning holati. Nafs undan quvvat oladi. Hikmat taqozosiga ko‘ra, shu quvvat g‘azab va shahvatni bosib turadi, balki boshqaradi.
G’azab quvvatining xoh kuchaygan, xoh pasaygan holatda ham aql yetovida bo‘lishini shijoat, aql va shariat bilan tarbiya topgan shahvat quvvati odobini iffat dedik.
Shu to‘rtta asosning mo‘‘tadilligi tufayli axloq go‘zal bo‘ladi.
Aql quvvatining mo‘‘tadilligi tadbirning chiroyli, zehnning tiniq, fikr-o‘ylarning to‘g‘ri va ishonchli bo‘lishini ta’minlaydi, amallarning nozik, nafs ofatlarining maxfiy jihatlarini anglashni o‘rgatadi. Aqlning haddan oshishi makr-hiylaga, firibgarligu ayyorlikka boshlaydi. Agar aql me’yordan past bo‘lsa, befahmlik, xom g‘ayrat, ahmoqlik va junun paydo qiladi. «Xom g‘ayrat» deganda dunyo va oxirat ishlaridagi tajribasizlik (balki,tamyizning zaifligi, ya’ni foyda-zararni farqlash quvvatining sustligi. Tarj.) nazarda tutilyapti. Darhaqiqat, insonning tasavvur va xayol qilish quvvati nechog‘li sog‘lom bo‘lmasin, tajribasizligi tufayli ba’zan kasalga o‘xshab qoladi.
Ahmoqlik bilan jinnilik o‘rtasidagi farq shunda-ki, ahmoqning maqsadi to‘g‘ri, lekin uni amalga oshirish yo‘li noto‘g‘ri. Chunki, ahmoq maqsadga olib boruvchi yo‘l xususida to‘g‘ri qarashga ega emas.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:52:38
Jinni esa tanlash lozim bo‘lmagan narsani tanlaydi. Aslida, jinnidagi tanlov ixtiyorining asosi buzuq.
Shijoat bilan xulqlangan inson oliy himmat, mard, jasur, dovyurak, mulohazali, nafsi siniq, sabr-toqatli, halim, bosiq, salobatli, muloyim bo‘ladi. Ammo shijoatning haddan oshishi o‘zni tuta bilmaslik, o‘ylamasdan ish qilish kabi oqibatlarga olib keladi. Natijada kishi bir nafasda maqtanchoq, dimog‘dor, g‘azabnok, takabbur, izzattalab, shuhratparastga aylanib qoladi.
Shijoat me’yordan kam bo‘lsa, uning o‘rnini xorlik va xo‘rlik, doimiy bezovtalik, qo‘rqoqlik, haqni boy berish, maydalashish egallaydi.
Kimki iffat bilan xulqlansa, saxovatli, hayoli, sabrli, kechirimli, qanoatli, parhezkor, latif, zarif, barchaga ko‘makchi, betam’a bo‘ladi. Agar iffat me’yordan oshsa yoki kam bo‘lsa, hirs va ochko‘zlik, qo‘pollik va behayolik, isrofgarlik va xasislik, riyokorlik va sharmsizlik, hasad, ichiqoralik, boylarga yaltoqlanib, kambag‘alni kamsitish kabi illatlar yuzaga chiqadi.
Xulosa shuki, go‘zal axloqning asosi to‘rtta: hikmat, shijoat, iffat va adolat. Qolganlari ushbu to‘rtta fazilatning tarmoqlaridir.
Bu to‘rtta asosda hech kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek mukammal mo‘‘tadillikka erisha olmagan. Rasulullohdan keyingilar u zotga xulqan yaqin yoki uzoq degan mezon bilan farqlanadilar.
Kimki go‘zal axloqi bilan Payg‘ambar alayhissalomga yaqinlashsa, shu yaqinligi miqdorida u Olloh taologa ham yaqindir. Go‘zal axloqni o‘zida jamlagan kishi butun xalq unga ergashishga, itoat qilishga munosib kishidir.
Go‘zal axloqdan xoli, balki uning ziddi bilan sifatlangan kishi bandalar orasidan haydab chiqarilib, mamlakatdan badarg‘a qilinishga loyiqdir. Chunki u Haqdan uzoqlashtiruvchi la’in shaytonga yaqinlashdi.
Go‘zal xulqli insonlar muqarrab farishtalarga yaqin zotlardir. Ularga ergashmoq, ularga yaqinlashmoq zarur. Rgsululloh sollallohu alayhi sasallam aytganlar: «Men go‘zal xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim».
Olloh taolo mo‘minlarni sifatlab, ularning xulqi xususida: «Haqiqiy mo‘minlar Olloh va Uning Payg‘ambariga iymon keltirib, so‘ngra (hech qanday) shak-shubha qilmagan va molu jonlari bilan Olloh yo‘lida kurashgan zotlardir. Ana o‘shalargina (o‘z iymonlarida) sodiq bo‘lgan zotlardir» deydi (Hujurot, 15).
Olloh va uning rasuliga shak-shubhasiz iymon keltirish — yaqin (aniq ishonch)ning quvvati, aqlning mevasidir. Hikmatning va molu dunyolar bilan Olloh yo‘lida kurashmoqning baland nuqtasi saxovatdir. Sahovat shahvat quvvatini zabt etuvchi kuch.
Oyatda zikr etilgan «jonlari bilan kurashmoq» esa shijoat ma’nosiga aloqadordir. G’azab quvvati aql doirasida, mo‘‘tadil chegarada ishlatilsa, shijoatga aylanadi. Olloh taolo sahobalarni sifatlab aytadi:
«Muhammad Ollohning Payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida  (mo‘minlar bilan)  esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath, 29).
Oyatda qaerda shiddatu qahr, qaerda rahmatu shafqat qilishga ishora bor. Demak, har qanday holatda qahr sochaverish va har qanday holatda rahmli bo‘lish komillik belgisi emas.
Mana shu aytilganlar xulqning ma’nosi, uning go‘zal va xunukligi, ruknlari, mevalari va tarmoqlarining bayonidir.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:54:20
RIYOZAT BILAN AXLOQ O’ZGARADIMI?

Nafs va axloq tarbiyasi jiddiy va mushkil ish. Hatto g‘ayrati jo‘sh urib turgan ba’zi botirlar ham bu mehnat qarshisida ojiz. Tasavvuru o‘y-fikrlari qusurli bo‘lgani uchun ular o‘zini bu ishdan chetga tortishadi, axloqni o‘zgartirish tasavvurga sig‘maydigan ish, chunki tabiat o‘zgarmaydi, degan fikr bilan o‘zlarini oqlashadi.
Bunda ular ikki qarashni dalil sifatida keltirishadi. Birinchisi, xulq botinning surati ekanligi, bamisoli xuluq zohirning surati bo‘lganidek. Xilqatni — tashqi ko‘rinishni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Masalan, bo‘yi past odam uzun bo‘lishni qanchalik xohlamasin, bo‘yini uzaytirolmaydi. Novcha kishi qancha istamasin, bo‘yini qisqartirolmaydi, xunuk kishi o‘zini chiroyli qilolmaydi. Botin ham shu asosga qurilgan. Demak, xulqni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Ikkinchi qarashga ko‘ra, ular aytishadi: «Go‘zal xulq shahvat va g‘azab olovini o‘chiradi, deyishadi. Aslida, shahvat va g‘azab mijoz va tabiatning taqozosi. Odamzod bu hissiyotlardan hech qachon uzilolmaydi. Demak, ulardan uzilish uchun qilingan harakat bekorga vaqtni yo‘qotishdan boshqa narsa emas. Chunki, bu yerda qalbning o‘tkinchi lazzatlarga mayl etishini qirqish talab etilayotir. Bu mumkin bo‘lmagan ishdir!»
Biz deymiz: agar axloq o‘zgarmaydigan narsa bo‘lsa, u holda tavsiyalar, pand-nasihat va tarbiyalarning barchasi bekor ishlar ekan-da?!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Xulqlaringizni chiroyli qiling!» (Muozdan rivoyat qilingan). Yovvoyi tabiatli lochin qo‘lga o‘rganib, yuvosh va muloyim bo‘ladi. Ochko‘z it tarbiya bilan o‘ljani olib keladigan, egasining bitta ishorasi bilan qancha mashaqqatlar bilan olib kelgan o‘ljani qo‘yib yuboradigan darajaga yetadi. Asov ot jilovga o‘rganadi. Hayvonlarning xulqini o‘zgartirish mumkinu, nahotki odamzodning xulqini o‘zgartirib bo‘lmasa?!
Buni shunday izohlash mumkin. To‘liq va notugalligi jihatidan mavjudotlar ikki xil bo‘ladi. Inson va uning a’zolari to‘liq va tugal yaratilgan. Shuningdek, hayvonot olami, quyosh, yulduz, oy kabi samoviy jismlar ham tugal va komil yaratilgan. Yana shunday narsalar borki, ularning mavjudligi hali tugallanib oxiriga yetmagan. Shart-sharoit paydo bo‘lishi bilan bu narsalar o‘zidagi yashirin quvvat ta’sirida rivojlanib, komil suratga kiradi. Shart-sharoit ba’zan bandaning ixtiyoriga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, urug‘ olma emas, xurmo ham emas, balki o‘zi qanday bo‘lsa, shunday shaklda yaratilgan xilqat. Le-kin bu urug‘ni tarbiyalasa, xurmoga aylanishi mumkin. Yoki aksincha, qandaydir urug‘ni ekdingiz, qancha tarbiya qildingiz, unmadi, masalan olmaga aylanmadi. Demak, urug‘ ma’lum ta’sir ostida ba’zi o‘zgarishni qabul qilib, ba’zisini qabul qilmasligi ham mumkin ekan.
Agar biz g‘azab va shahvatni butkul so‘ndirib, ularning ta’siridan to‘liq xalos bo‘lishni xohlasak, hech narsaga erisha olmaymiz. Agar ularni jilovlashni, bo‘ysundirishni xohlasak va bu yo‘lda ozgina riyozat va mashaqqat cheksak, albatta buning uddasidan chiqamiz. Aslida biz shunga buyurilganmiz va bu bizning najot topishimizga, Olloh taologa yetishimizga sabab bo‘ladi.
Haqiqatan ham xilqatlar har xil, ba’zisi ta’sirni tez qabul qiladi, ba’zisi sekin. Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, g‘ariza quvvati, ya’ni tug‘ma sezgi quvvati. Inson tabiatining aslida mavjud bu quvvatning ta’siri so‘nggi nafasgacha ta’sir etadi. Boshqarish va itoatda tutish eng qiyin bo‘lgan g‘ariza shahvat quvvatidir. Chunki, shahvat yaralish jihatidan mukammal, ya’ni inson chaqaloqlik paytidayoq uning fitratida shahvat quvvati yaratilgan. Bola yetti yoshlarga yetganidan so‘ng esa unga g‘azablanish quvvati beriladi. Keyinroq unga tamyiz, ya’ni haq bilan botilni ajratish quvvati ato etiladi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:56:32
Ikkinchi sababi, inson biron amalni yaxshi deb hisoblaydi va uni ko‘p qilish orqali insonda o‘sha amalga muvofiq xulq shakllanadi, mustahkamlanadi. Shunga ko‘ra odamlar to‘rt toifaga bo‘linadi:
1.  G’ofil insonlar. Ular haq bilan botilning, chiroyli bilan xunukning farqiga bormaydi. Ular fitratan barcha e’tiqoddan xoli. Lazzatlarga haddan tashqari tobe bo‘lib qolgani uchun ular bironta istagini to‘la qondirolmaydi. (Ya’ni, bir lazzatni qo‘yib, undan yaxshirog‘iga chopadi, keyin undan ham yaxshirog‘i uchraydi... Oqibat, bironta istagini komil amalga oshirolmaydi. Tarj.) Bu toifadagi inson muolajani juda tez qabul qiladi. Faqatgina u bir muallimga, bir murshidga muhtoj. Qalbida uyg‘onib, uni g‘ayratlantiradigan. bir himmatga muhtoj. Shunda u tez orada xulqi go‘zal insonga aylanadi.
2.  Johil va adashgan insonlar. Bu toifadagilar yomonning neligini biladi, lekin yaxshi ishlarga odatlanmagan, qilayotgan yomon amali ularga chiroyli bo‘lib ko‘rina-di. Dunyo istaklariga qul bo‘lish bilan ular to‘g‘rilikdan yuz o‘girgan bo‘lsada, amalidagi qusurlardan xabardor. Bu toifaning tarbiyasi og‘irroq bo‘lgani uchun ularga bir necha vazifalar yuklanadi. Avvalo, ular buzuqlikka odatlanish natijasida ichda mahkam o‘rnashgan juda ko‘p illatlarni nafsidan sug‘urib olishlari lozim. Keyin yaxshilikka undaydigan sifatni qalbiga ekmoqlari kerak. Xullas, yeng shimarib, jiddu jahd etilsa, bu toifa tarbiyasi riyozat uchun keng maydondir.
3. Johil, adashgan va fosiq kimsalar. Bu toifadagi kishi yomon axloqni yaxshi axloq deb e’tiqod qiladi. Uning nazdida bu axloq haq va eng go‘zal. Undagi bu qarash borgan sari takomillashadi. Shuning uchun bu toifadagi kishining muolajasi mushkil, sog‘ayishiga deyarli umid yo‘q, kamdan-kam holda u dardiga davo topishi mumkin. Bu jihatlarning bar-chasi zalolatga ketish imkoniyatini oshiradi.
4.  Johil, adashgan, fosiq va yovuz kimsalar. Bu toifaga mansub kimsa nafaqat buzuq qarashda takomillashadi, balki u yomonliklarni ko‘paytirishni fazilat deb biladi, bu bilan faxrlanadi va bu ishlar qadrimni oshiradi, deb o‘ylaydi. Bu toifadagi kishilarning ahvoli og‘ir. Ular haqida shunday deyilgan: «Keksani tarbiyalamoq — mashaqqat, bo‘rini tarbiyalamoq uni azoblamoqdir».
Yana shunday qarashdagilar ham bor: «Odamzod to tirik ekan, shahvat, g‘azab, dunyoga muhabbat qo‘yish va boshqa xulqlar undan uzilmaydi!»
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 17:58:52
Bu adashishdir. Negaki, bu qarashdagilar axloqiy tarbiyadan maqsad — yuqorida tilga olingan tuyg‘ularni tag-tomiri bilan sug‘urib, butunlay yo‘q qilish, deb tushunadi. Shahvat tabiiy zarurat. Uning yaratilishidan muayyan foyda ko‘zlangan. Agar taomga bo‘lgan ishtaha butunlay so‘nsa, inson halokatga yuz tutadi. Agar shahvoniy istak kesilsa,  nasl qirqiladi. Agar g‘azab tuyg‘usi butunlay yo‘q qilinsa, inson halokatga sabab bo‘ladigan narsalarga qarshi kurasholmaydi. Natijada ular insonni halok qiladi.
Modomiki, inson tabiatida shahvat mavjud ekan, albatta, mol-dunyoga muhabbat yo‘qolmaydi. Bu muhabbat o‘z navbatida insonni yanada ko‘proq shahvatga yetaklaydi, hatto mol-dunyo to‘plashga undaydi. Maqsad — bu tuyg‘ularni batamom yo‘q qilish emas, balki ularni mo‘‘tadil bir o‘zanga burish.
G’azab tuyg‘usidagi mo‘‘tadillik chiroyli shaklda qizg‘in va jo‘shqin bo‘lish bilan saqlanadi. Chiroyli shakldagi qizg‘inlik serjahllikdan, darg‘azablikdan hamda qo‘rqoqlikning barcha turlaridan xolidir. Bir so‘z bilan aytganda, g‘azabning mo‘‘tadil darajasini egallagan odam botinan kuchli va shu quvvati bilan birga aqlga tobe bo‘ladi. Olloh taolo aytadi: «Muhammad Ollohning Payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath, 29).
Oyatda mo‘minlar «ashidda» ya’ni shiddatga to‘la, qahrli degan sifat bilan vasf qilinyapti. Shiddat g‘azabdan tug‘iladi. Agar g‘azab bekor qilinganida, kurash ham bekor qilingan bo‘lardi.
Ajabo! Payg‘ambarlar to‘la uzilmagan shahvat va g‘azabdan qanaqasiga batamom uzilish, ularni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlash mumkin. Axir Payg‘ambarimiz: «Men ham insonman. Insonlar g‘azablangani kabi g‘azablanaman» deganlar (Muslim rivoyati).
Hadislardan ma’lum, qachon Rasululloh huzurlarida u zotga yoqmaydigan gap aytilsa, bo‘yin tomirlari bo‘rtib, qizarib ketadigan darajada g‘azablanardilar. Lekin shunday holatda ham faqat haqni aytardilar, g‘azab u zotni haqdan to‘solmasdi.
Olloh taolo aytadi:
«(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir»  (Oli-Imron,  134).
Oyatda taqvodor zotlar haqida «g‘azablarini ichlariga yutadigan» degan ibora qo‘llandi, «g‘azablarini yo‘q qiladigan» deyilmadi. G’azab va shahvatni mo‘‘tadil darajada saqlash shu darajada bo‘lishi kerakki, na g‘azab, na shahvat aqldan g‘olib kelmasin, uni bo‘ysundirib qo‘ymasin.Balki, aql g‘azab va shahvatni o‘z haddida ushlab tursin. Xulqni o‘zgartirish degani aslida mana shu.
Ko‘p hollarda inson shahvatga bo‘yin egadi, aql o‘z idorasini unga topshiradi. Natijada shahvat quturib, buzuqliklarga boshlaydi.
Riyozat bilan shahvatni mo‘‘tadillikka o‘rgatish mumkin. Barcha ishda bo‘lganidek, axloq tarbiyasida ham o‘rtachalik matlub yo‘ldir. Misol uchun, saxovatni olib ko‘raylik. Sahovat — shariatga ko‘ra, maqtovga sazovor xulq. Boshqacharoq aytsak, saxovat — na isrofgarlik, na xasislik tomon og‘magan, balki ikkisining o‘rtasida turgan fe’l. Olloh taolo bunday fe’lli kishilarni maqtab deydi:
«Ular infoq-ehson qilgan vaqtlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (balki ehsonlari) ana o‘sha (xasislik bilan isrofning) o‘rtasida mo‘‘tadil bo‘lur» (Furqon, 67).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:05:40
Olloh taolo aytadi:
«(Baxillik bilan) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang! (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yozib ham yubormang! Aks holda, malomat va hasratda qolursiz» (Al-Isro, 29).
Shuningdek, taomga bo‘lgan istak ham ochko‘zlik yoki qurumsoqlik tomonga o‘tmasdan mo‘‘tadil holda bo‘lishi lozim.
«Ey Odam bolalari, har bir sajda chog‘ida ziynatlaningiz (ya’ni, toza libosda bo‘lingiz) hamda (xohlaganingizcha) yeb-ichaveringlar, faqat isrof qilmanglar» (A’rof, 31).
Payg‘ambar alayhissalom: «Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir» deganlar(Bayhaqiy rivoyati).
Dunyo yomonliklaridan xoli qalb sog‘lom qalbdir. Sog‘lom qalb egasi bo‘lish qanday saodat! Olloh taolo aytadi: «U Kunda na molu davlat va na bola-chaqa foyda bermas. Magar Olloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)» (Shuaro, 89).
Qalb salimligining shart dunyoga mukkasidan ketmaslik, isrofgarlik va baxillikdan saqlanishdir. Qachon-ki qalb bu ikki jihatni o‘zidan bir xil uzoqlikda ushlasa, (ya’ni isrof va baxillikni o‘zidan bir xilda uzoqlashtirsa. Tarj.) kamolga yetadi. Aslida, o‘rtacha yo‘l — mana shu!
Masalan, «iliqlik»ni olib ko‘raylik. U na qaynoq, na sovuq, balki ikkisining o‘rtasida. Shuningdek, saxiylik ham isrof va baxillikdan bir xil uzoqliqda, ya’ni ularning o‘rtasida joylashgan sifat. Shijoat esa qo‘rqoqlik bilan o‘zni tuta olmaslik kabi ikki chegaraning o‘rtasidagi sifat. Iffat ochko‘zlik bilan sustlik o‘rtasidagi sifat. Umuman, barcha xulqlarda o‘rtalikni tark etish haddan oshish hisoblanadi.
Ha, murshid muridiga boshidanoq, g‘azab va baxillikning yomon xulq ekanini anglatmog‘i lozim. Agar bu ishda murshid tomonidan ozgina e’tiborsizlik o‘tsa, murid buni ruxsat sifatida qabul qilishi mumkin...
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:10:41
GO’ZAL XULQQA QANDAY ERISHILADI?

Bildingki, go‘zal xulq aql quvvatining mo‘‘tadilligiga, hikmat kamoliga bog‘liq. G’azab va shahvat quvvatining mo‘‘tadilligi ham go‘zal xulq belgisidir. Bu mo‘‘tadillik aql va shariatga tobelikni taqozo qiladi va u ikki jihatga ko‘ra hosil bo‘ladi.
Birinchisi, ilohiy ehson va fitriy komillik bilan hosil bo‘lgan mo'tadillik. Fitriy komillikning belgisi shuki, inson tug‘ma aqli komil, xulqi go‘zal bo‘ladi. Mana shu sifatlar unga shahvat va g‘azabni boshqarishga kifoya qiladi. Balki, undagi tug‘ma mo‘‘tadil bu ikkita xulq aql va shariatga bo‘ysungandir. Bunday inson ta’limsiz olim, hech qanday tarbiya olmasdan odobli bo‘ladi. Bamisoli, Iyso ibn Maryam, Yahyo ibn Zakariyo alayhissalom va boshqa payg‘ambarlar kabi.
Inson tabiatida yana shunday sifatlar yashirinki, ularni muntazam harakat bilan yuzaga chiqarish mumkin. Ba’zi bolalar tug‘ma tili ravon, chehrasi ochiq, saxovat bilan xulqlangan bo‘lsa, ba’zilari buning aksi. Odatlanish, yaxshi xulqli bolalarga qo‘shilish, kattalardan odob-axloqni o‘rganish orqali ularda go‘zal xulqlar hosil bo‘ladi.
Ikkinchisi, qattiq mehnat va riyozat bilan hosil bo‘ladigan mo‘‘tadillik. Deylik, kimdir o‘zida saxovat xulqini hosil qilmoqchi. Buning uchun u saxiylar hayotini o‘zlashtirmog‘i, ya’ni molni Olloh yo‘lida sarflashni o‘rganmog‘i lozim. Nafsga yuklangan bu mehnat to tabiatga singib, xulqqa aylanib ketguncha ulkan sabr kerak bo‘ladi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:15:03
Shariatga muvofiq, maqtovga munosib xulqlarning barchasi shu yo‘l bilan hosil bo‘ladi. Qachonki kishi qilgan saxovatidan lazzat olsa, bu saxovatning yuksak darajasidir. Haqiqiy saxiy molini sarflar ekan, lazzatlanadi, og‘rinish, qiynalish unga begona. Kamtarliqdan lazzat olgan kishi haqiqiy kamtardir. Toki nafsimiz barcha yaxshi odatlarga o‘rganib, barcha yomon fe’llarni tark etmas ekan, hech qachon unda diniy axloq qaror topmaydi.
Modomiki, sen ham go‘zal fe’llarga mushtoq kishida bo‘ladigan doimiy qunt va tirishqoqlikni zimmangda sezmas, bu xulq bilan lazzatlanmas, qabih fe’llarni yomon ko‘rib, ular tufayli alam chekmas ekansan, haqiqiy saodatga erisholmaysan.
Payg‘ambar alayhissalom: «Namoz ko‘zimning quvonchidir» dedilar (Nasoiy rivoyati). Biz esa ibodatlarga yalqovlik qilib, man’ etilgan narsalarni qiynalib, o‘zimizga og‘ir olib tark qilayotgan ekanmiz, bu nuqsonlar bilan qanday qilib saodat kamoliga yetishimiz mumkin?!
Ibodatga intizorlik oson ish emas. Olloh taolo deydi:
«Sabr va salot (namoz o‘qish) bilan madad so‘ranglar. Albatta u (namoz o‘qish) og‘ir ishdir. Magar o‘zlarining Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishlarini va shubhasiz, Uning huzuriga qaytuvchi ekanliklarini biladigan shikastanafs zotlarga (og‘ir emasdir)» (Baqara, 45-46).
Lekin ibodatning bu darajasiga yetguncha chekiladigan mashaqqat ham xayrdan xoli emas.
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Rozilik va qoniqish bilan Ollohga ibodat qil. Agar qodir bo‘lmasang, bas, senga og‘irlik qilayotgan narsaga sabr qilishingda ham ko‘p xayr bor» (Tabaroniy rivoyati).
Va’da qilingan saodatga go‘zal xulq orqali erishilar ekan, bu yo‘lda toatdan lazzatlanish va ma’siyatni yomon ko‘rish tuyg‘usi vaqtincha emas, doimiy balki, butun umr davomida bo‘lishi lozim. Umr o‘tgan sari fazilat mustahkamroq va komilroq bo‘la boradi. Shuning uchun Rasuli akramdan saodat haqida so‘rashganida: «(Saodat) — uzoq yashab, butun umrni Olloh taolo itoatida o‘tkazish» deb javob berganlar (Abu Bakr rivoyati).
Darhaqiqat, dunyo oxirat ekinzoridir. Umr uzayib, ibodatlar qancha ko‘p bo‘lsa, savob ham shunchalik mo‘l, nafs shunchalik pok, axloq shunchalik go‘zal bo‘ladi. Ibodatlar qalbda o‘z izini qoldirsa, murod hosil. Buning uchun esa ibodatlar uzluksiz, so‘nggi nafasgacha davom etishi lozim.
Inson dunyo muhabbatini qalbidan chiqarib, o‘rnini Olloh tarloga muhabbat bilan to‘ldirsa, mana shu eng go‘zal axloqdir. Bunday xulqni hosil etgan kishi uchun ulug‘ va qudratli Zot — Ollohning diydoriga yetishdan suyukliroq narsa yo‘q. U bor molini shu yo‘lda sarflaydi. U jilovlangan g‘azabi va shahvatini shariat va aql tarozusida tortib, faqat, Olloh taologa yetish yo‘lida ishlatadi. Bu mashg‘ulot unga farah va lazzat baxsh etadi, namoz ko‘zlar quvonchiga aylanadi. Ibodatning so‘ngi totli va ajib. Totli nihoyaga odatlangan nafs esa undan-da ajib!
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:16:28
Ba’zan mansab-martabaga, turli ne’matlarga ega kishilarni g‘am-tashvishga chulg‘angan holda ko‘ramiz. Qimorboz qimorsiz hayotni tasavvur qilolmaydi. Garchi qimor uni boridan mahrum qilib, o‘ziyu ahlining xarob bo‘lishiga sabab bo‘lsada, baribir u bu «lazzat»dan kecholmaydi, qimorsiz turolmaydi. Chunki, u uzoq muddat qimor bilan ulfat tutinib, jonini shu yo‘lda tiqdi. Masalan, kaptarboz ham saratonda na issiqni, qahratonda na sovuqni sezmasdan, kaptarlarining samoga ko‘tarilishi, havoda halqa yasab harakatlanishlariga mahliyo bo‘lib, kun davomida oyoq uzra turishi mumkin...
Bu — uzoq muddat davomiy ravishda bitta mashg‘ulotga odatlanishning va shu mashg‘ulot atrofidagilarga aralashib, ular bilan yaqindan munosabatda bo‘lishning natijasi.
Nafs uzoq muddat botil, qabih narsalarga mayl etsa, bora-bora ularga ko‘nikadi, hatto bundan lazzat oladi. Agar sen ham bir muddat haqqa qaytsangu, keyin unga muttasil bog‘lanib qolsang, qanday qilib haqqa odatlanmaslik, undan lazzat olmaslik mumkin?!
Aslida nafsning botil, qabih ishlarga mayl etishi fitratga ziddir, misoli, ba’zi odamlar tunroq (kesak) yeyishga odatlangani kabi.
Ammo fitratning hikmatga, yaratgan Egasini tanib, u Zotga muhabbat qo‘yish va ibodat qilishga bo‘lgan mayli, bamisoli uning taomga va suvga bo‘lgan mayliga o‘xshaydi. Chunki, qalb tabiati bu maylni taqozo qiladi. Shahvat ehtiyojlariga bo‘lgan mayl qalbga begona.
Qalb ozig‘i hikmat, ma’rifat va Ollohga muhabbatdir. Agar qalb xastalikka chalinsa, tabiati taqozo qilgan narsadan uzoqlashishi mumkin. Bundan xalal yetadi, xuddi xastalik me’da tabiatini buzgani kabi. Me’da xastalansa, tabiiy ehtiyoji bo‘lgan taom va sharobga ham ishtahasi yo‘qoladi.
Qaysi qalb Ollohdan boshqasiga muhabbat qo‘yishga moyil ekan, demak, endi u mayli miqdorida xastadir. Ammo kishi Ollohning muhabbati va diniga vosita bo‘lgani uchun nimanidir yaxshi ko‘rsa, bu mayl xastalikka sabab bo‘lmaydi.
Demak, go‘zal axloq riyozat bilan hosil bo‘lishi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lding. Go‘zal xulqqa erishish uchun dastlab chekilgan ranju mehnatlar asta-sekin tabiatga aylanadi. Bu qalb va a’zolar o‘rtasidagi ajib aloqadir. Qalbda paydo bo‘lgan har bir sifatning ta’siri a’zolargacha yetadi. Hatto a’zolar qalbdagi shu sifatga muvofiq harakatlanadi.
Har bir fe’l a’zolar orqali joriy bo‘ladi va ba’zan o‘sha fe’lning ta’siri qalbgacha boradi. Bu davriy jarayondir. Masalan, bir kishi mohir kotib bo‘lishni orzu qildi. Har qanday sohada yetuk darajaga erishish oson emas. Kotiblik malakasi ham alohida mehnatni talab etadi. Shunchaki qiziqish ehtiyojga, ehtiyoj tabiatga aylanishi kerak. Buning yagona yo‘li — mohir bir kotibga shogird tushib, kotib ko‘rsatganidek qo‘llarni to‘xtovsiz mashqqa o‘rgatmoq, uzoq muddat kotibnikiga o‘xshatib yozishga harakat qilmoq va oxir-oqibat ustozning chkroyli yozuvini butun nozikliklari bilan o‘zlashtirmoq. Avvaliga bu harakat rosa qnyin kechadi. Ustozidek o‘ta nafis yozish imkonsizdek tuyuladi. Asta-sekin bu uzluksiz mashg‘ulotning natijasi ko‘rina boshlaydi. Mashq davomida yig‘ilgan ko‘nikmalar malakaga, malaka botinda mustahkam o‘rnashgan sifatga aylanadi. Endi chiroyli xat majburiyat ostida emas, tabiiy ehtiyoj orqali yuzaga chiqadi.
Demak, avvalida chekilgan mashaqqat bejiz ketmadi, uning ta’siri qalbgacha ko‘tarildi. So‘ngra qalbdan a’zolarga qaytdi va chiroyli yozish uning tabiatiga singdi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:18:15
Shuningdek, kimki «faqihun-nafs» ya’ni, o‘zni tanigan kishilar jumlasidan bo‘lishni xohlasa, buning birdan-bir yo‘li, o‘zini tanigan kishilarga yaqinlashib, ularning qilganini qilmog‘i va bu ishni takror-takror davom ettirmog‘i lozim. Toki mana shu takrorlardan uning qalbida o‘zni tanigan sifati paydo bo‘lsin.
Kimki saxiy, halim, kamtar bo‘lishni xohlasa, boshida, garchi o‘zini zo‘rlab bo‘lsada, shunday fe’lli "kishilarga taqlid etmog‘i lozim. Dastlabki zo‘rma-zo‘raki taqlidlar bora-bora yo‘qoladi, odat sifatga aylanadi.
O’zni anglash talabida bo‘lgan kishi bir kechani bekor o‘tkazish bilan «tamom, endi hammasini boy berdim» deb umidsizlikka tushmaydi. Tabiiyki, bir kechalik mehnat bilan ham darrov o‘zni anglash darajasiga yetib qolmay-di. Ya’ni, nafsni poklash va uni chiroyli amallar bilan ziynatlash talabida bo‘lgan kishi bir kunlik ibodati bilan bu darajaga yetolmaydi, bir kunlik ma’siyati tufayli undan mahrum bo‘lib qolmaydi.
Bu so‘zimizning ma’nosi shuki, bitta gunohi kabira abadiy badbaxtlikka sabab bo‘lmaydi. Lekin bir kungi beparvolik keyingi va keyingi kunlarga o‘tib, asta-sekin inson dangasalikka odatlanishi, o‘zni anglash fazilatidan mahrum bo‘lishi mumkin. Kichik gunohlar ham yig‘ilib, iymon zavoliga, oxir-oqibat, asl saodatning boy berilishiga sabab bo‘ladi. 
O’zni anglash ham bir kechada ta’siri seziladigan tuyg‘u emas. Bu xuddi badan o‘sib-ulg‘ayib, bo‘y cho‘zilgani kabi asta va davomli ro‘y beradigan jarayondir, Shunga o‘xshab nafs tarbiyasi va uni poklash yo‘lida bitta toatning ta’siri darhol sezilmaydi. Lekin toatning oziga bepisand qaramaslik kerak. Negaki, ta’siri yaqqol seziladigan ko‘p toat bitta-bittadan yig‘ilgan va har bir toatga o‘ziga xos ta’sir yashiringan. Ibodat uchun beriladigan savob shu ta’sirga ko‘ra belgilanadi. Guioh uchun beriladigan jazo ham gunohning ta’siriga ko‘ra belgilanadi.
Qancha kishilar kechayu kunduzni bekor o‘tkazib, o‘zni anglashni kunba-kun orqaga surishadi. Natijada ularning tabiati bu ilmni unutadi.
Kichik gunohlarni arzimas sanaydigan kishilar ham butun umr tavbani kechiktiradi. Bu kechiktirish to‘satdan sodir bo‘ladigan o‘limgacha yoki qalbni gunohlar zulmati qoplab, tavba qilishga imkon qolmaguncha davom etishi mumkin. Oz ko‘pga qo‘shiladi, qalb shahvat zanjirlari bilan kishanlanib, bu changaldan xalos bo‘lishning imkoni yo‘qoladi, Tavba eshigining yopilishi degani shudir.
«Va biz ularning oldilaridan va orqalaridan bir to‘siq-parda qilib, ularni o‘rab qo‘ydik. Bas, ular ko‘ra olmaslar» (Yosin, 9).
Sahobalardan birining aytishicha, iymon qalbda oq nuqta bo‘lib ko‘rinadi. Iymon (quvvati) oshsa, oqlik ham ziyodalashadi. Agar bandaning iymoni to‘la komil bo‘lsa, qalb ham to‘la oqaradi, Nifoq qalbda qora nuqta bo‘lib ko‘rinadi. Nifoq ko‘paygan sari qoralik ziyodalashadi. Qachonki nifoq to‘la bo‘lsa, qalb ham to‘la qorayadi.
Demak, yaxshi axloq goh tabiiy — tug‘ma, goh yaxshi fe’llarga odatlanish tufayli, gohida yaxshi fe’lli kishilarni ko‘rib, ularga yaqin bo‘lish natijasida hosil bo‘ladi. Bularning barchasi Ollohga yaqin qiluvchi fazilatlardir.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:19:31
Kimki tabiatan razil, pastkash bo‘lsa, kamiga yomonlar bilan oshno tutinib, ulardan yomonlikni o‘rgansa va yomonlikka odatlansa, bu ulug‘ va qudratli Zotdan g‘oyatda uzoq bo‘lishdir.
Yuqorida aytilgan tabiiy, odatiy hamda o‘rganish kabi jihatlarga ko‘ra farkdanadigan kishilar mana shu ikki daraja orasidadir. Har bir daraja o‘zi taqozo qiladigan surat yo holatga ko‘ra Haqqa yaqinlashadi yo uzoqlashadi.
«Bas, kim (hayoti dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa, (Qiyomat Kunida) o‘shani ko‘rur. Kim zarra misqolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur!» (Zalzala, 7-8).
«Ularga Olloh jabr qilgani yo‘q, balki ular (o‘zlari) o‘z jonlariga jabr qilguvchi bo‘ldilar» (Nahl, 33).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:20:47
AXLOQIY TARBIYA YO’LLARI

O’tgan tafsilotlardan ma’lum bo‘ldiki, axloqdagi mo‘‘tadillik qalbning sog‘lomligidan, mo‘‘tadillikdan og‘ish esa qalbda illat borligidan darak.
Nafsning muolajasi razil va yomon axloqdan uni poklab, fazilat va go‘zal axloqni nafsga jalb etish bilan amalga oshadi. Badan muolajasida ham to illatlar tanadan butkul yo‘qotilmagunicha, to‘la sihhatga erishib bo‘lmaydi.
Inson mizojining aslida mo‘‘tadillik hukmron. Faqat tashqi ta’sirlar tufayli bu mo‘‘tadillik buziladi. Shuningdek, har bir inson toza fitrat bilan mo‘‘tadil holda tug‘iladi. Ota-onasi uni yo yahudiy yo nasroniy yo majusiy qiladi. Ya’ni, odat va ta’lim ta’sirida razilliklarga o‘rganadi. Bamisoli, badan avvalida komil yaratilmagani, balki oziqlar bilan tarbiyalanib voyaga yetgani kabi. Shunga o‘xshab nafs ham kelajakda mukammallashish imkonini saqlagan holda noqis yaratilgan. Ha, nafs axloq tarbiyasi va ilm bilan oziqlanish ta’sirida komil bo‘ladi.
Badan ham agar salomat bo‘lsa, tabibning ishi shu salomatlikni saqlab qolish yo‘llarini o‘rgatishdan iborat. Agar badan xastalansa, tabibning ishi badanni davolash, uni sihhat tomon tortish bo‘ladi.
Nafsning yo‘rig‘i ham shunday. Agar u pok va tarbiyali bo‘lsa, shu poklik va tarbiyani saqlab qolishga harakat qilmog‘ing, shu holatda uni yanada quvvatlantirib, musaffoligini oshirmog‘ing kerak. Agar nafs kamol va soflik sifatlarini yo‘qotgan bo‘lsa, nafsda bu sifatlarni qaytadan paydo etmog‘ing lozim.
Badandagi mo‘‘tadillikni buzib, kasallikka sabab bo‘luvchi illatlar o‘zining ziddi bilan muolaja qilinadi. Masalan, sovuqligi oshgan xastaga mizoji issiq narsalar, issiqligi oshgan xastaga mijozi sovuq narsalar dori bo‘ladi.                         
Shuningdek, qalb kasalligi bo‘lmish razillikni uning ziddi oliyjanoblik bilan, jahlni ilm bilan, baxillikni saxiylik bilan, kibrni tavozu’ bilan, ochko‘zlikni zo‘rlab bo‘lsa ham ishtahani tiyish bilan muolaja qilinadi. Badaniy xastaliklardan forig‘ bo‘lish uchun ba’zan ishtahani qo‘zg‘ab turgan anvoyi noz-ne’matlardan kechib, achchig‘u talx dorilarni iste’moliga sabr qilishing kerak. Qalb kasalligini davolash uchun esa bun-danda ko‘proq sabr, ulkan chidam zarur bo‘ladi. Badan kasalligidan nari borsa, o‘lib qutilasan. Olloh saqlasin, qalb marazi o‘limdan so‘ng ham abadul abad davom etadi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:21:26
Har bir illatga uning ziddi bilan muolaja qilinadi, dedik. Lekin bu o‘rinda me’yor masalasini nazardan qochirmaslik kerak. Demak, biz shifo deb bilayotgan sababning foydali miqdoridan ham xabardor bo‘lishimiz lozim. Aks holda, me’yorni saqlolmaslik oqibatida fasod ziyodalashishi mumkin.
Axloq muolajasiga sabab bo‘ladigan xilma-xil zidliklarni tanlashda ham shunday me’yor bo‘lishi shart.
Davoning me’yori illat o‘lchovidan kelib chiqib belgilanadi. Tabib dardning sababini aniqlamaguncha, masalan, kasallikning issiq yo sovukdan ekanini bilmaguncha muolajaga qo‘l urmaydi. Agar dard harorat tufayli tug‘ilgan bo‘lsa, uning darajasini aniqlaydi: kuchlimi yo kuchsiz? Sababini aniklagach, endi bemorning badanidagi holatlarga, kasbi, yoshi, makoni kabi tashqi ta’sirlarga e’tiborini qaratadi. So‘ngra shular asosida muolajani boshlaydi.
Murshid ham tabibga o‘xshaydi. U muridlarining nafsini davolaydi. Murshid muridining axloqi va kasalliklaridan voqif bo‘lmaguncha unga buyuriladigan riyozatu mashaqqatni muayyanlashtirmaydi. Agar tabib barcha bemorlarni bitta dori bilan muolaja qilsa, ularning aksari nobud bo‘ladi. Shayx ham barcha muridlariga riyozatning faqat bitta turini joriy qilsa, bunday muomala ularni halokatga sudraydi, qalblarni o‘ldiradi. Balki, bu holatda muridning botiniga, botindagi illatlarga, uning yoshi va mizojiga, qanchalik riyozatni ko‘tara olishiga diqqat qilish muhimroq.
Agar murid bid’atchi, shariat belgilagan chegaralardan bexabar, johil bo‘lsa, avvalo muridga tahorat, namoz va ibodatlarning tashqi tomonlari o‘rgatiladi. Agar murid harom mol topish bilan mashg‘ul yoki boshqa gunoh ishlarga sho‘ng‘igan bo‘lsa, avvalo unga bu ishlarni tark qilish buyuriladi. Agar murid zohirini ibodatlar bilan ziynatlab, tashqi a’zolarinigina gunohlardan saqlashga berilgan bo‘lsa, bu holatlarning botin bilan ne-chog‘lik bog‘liqligiga nazar solinadi. Shundagina muridning axloqi va qalb xastaliklaridan voqif bo‘lish mumkin. Agar muridda topilgan illatlar zaruriy miqdordan oshmaydigan bo‘lsa, murshid muridni asta-sekin illatu marazlardan uzoqlashtirib, yaxshilik tomon yo‘llaydi.
Agar muridda kaltabinlik, kibr, izzattalablik kabi illatlar g‘olib bo‘lsa, unga bozorlarda tilanchilik qilish buyuriladi. Chunki, bu illatlarni faqat xorlik bilan yo‘qotish mumkin. Eng ulkan xorlik esa tilanchining xorligidir. To kibri va izzat nafsi singuncha u mana shu xorlikni ko‘taradi.
Agar murid badani va kiyimini pok saqlab, qalbi faqat tashqi poklikkagina moyil va mone’ ekanligi sezilsa, uni tahoratxonalarni tozalash, iflos joylarni supurish, oshxona va o‘choqlar boshida xizmat qilishga buyuriladi. Toki uning tozalik va poklik haqidagi yuzaki qarashlari barbod bo‘lsin.
Taqvoli hayotni ozoda liboslaru, rangli joynamozlardan iborat deb tushunadigan va butun umrini tashqi holatlarga oro berish uchun yelib-yugurib o‘tkazadigan kishilar kun bo‘yi o‘ziga zeb beradigan kelinlarga o‘xshaydi. Aslida, butga sig‘inayotgan inson bilan o‘ziga sig‘inayotgan inson o‘rtasida farq yo‘q. Inson qanchalik Yaratgandan o‘zgasiga sig‘inar ekan, Ollohdan shunchalik uzoqlashadi. Kimki kiyimning halol va pok bo‘lishidan tash-qari jihatlariga e’tiborini berib, qalbini ham shunga moyil qilgan ekan, bilingki, u o‘zi bilan o‘zi mashg‘ul .bo‘lib qolgan kishidir.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 18:22:36
Riyozatning nozik jihatlari ko‘p. Masalan, murid qaysidir salbiy sifatni tark qildi, lekin buning ziddiga erisholmadi. Deylik, baxillik sifatini tashladiyu, lekin saxiy bo‘lolmadi. Buning ajablanadigan joyi yo‘q. Har qanday o‘zgarish asta-sekin kechadi. Bu vaziyatda shunday yo‘l tutiladi: yomon xulqdan yomonligi kamroq xulqqa o‘tiladi. Bamisoli, qon suv bilan ketmasa, qonni bavl bilan yuvib, so‘ng bavlni suv bilan yuvib tashlagan kabi. Masalan, bola yoshligida koptok o‘ynashga rag‘bat qiladi. Keyin bu rag‘bat ziynatni yaxshi ko‘rishga, kiygan kiyimidan faxrlanishga ko‘chadi. So‘ng kimlarningdir targ‘ibi bilan bir-ikki odamga boshchi bo‘lish, mansabga qiziqish boshlanadi. Vaqti kelib, mansab havasi ham so‘nadi, Olloh tavfiq bersa, oxirat uning g‘amiga aylanadi. Kimki mansab g‘amini birdaniga tark etolmayotgan ekan, ishni undan ko‘ra yengilrog‘ini tark etishdan boshlasin. Kimdadir taomga ochko‘zlik bor, unga ro‘za va taomni kam yeyish buyuriladi. Keyin unga laziz taomlarni tayyorlash topshiriladi. Taomlar muhayyo bo‘lgach, shunday laziz noz-ne’matni o‘zi yemasdan o‘zgaga taqdim qiladi. Shu yo‘l bilan nafsini tiyadi, uni sabrga o‘rgatadi, ochko‘zligini so‘ndiradi.
Moddiy ahvoli tufayli uylanishga qodir bo‘lmagan kishiga ham ro‘za tutish buyuriladi. Agar uning shahvati shu bilan ham pasaymasa, bir kuni non yemasdan suv bilan, boshqa kuni suv ichmasdan non bilan iftor qiladi. Go‘sht va xushxo‘r ziravorlar iste’molidan butkul qaytariladi.
Muridlikning boshlanishida ochlikdan foydaliroq davo yo‘q Agar unda g‘azab kuchli bo‘lsa, buning birdan-bir davosi halim va sukut. Yomon xulqli odamlarga yo‘ldosh bo‘lib, ularning xizmatini qilish, shu yo‘l bilan ularning yomonligiga sabr etishni o‘rganish ham murid uchun foydadan xoli emas:
Ba’zi tariqat ahllaridan hikoya qilinishicha, soliqlar nafsini hilmga o‘rgatib, g‘azab shiddatini so‘ndiradilar. Hatto odamlar orasida o‘zlarini haqorat qiladigan kishilarni yollaydilar. Shu yo‘l bilan nafsini sabr va hilmga odatlantiradilar. Nafsida qo‘rqoqlik, qalbida zaiflik sezgan ayrimlari esa xulqida shijoat hosil qilish uchun qishda dengizlarga otlanib, dolg‘ali to‘lqinlarga o‘zni uradilar. Hind obidlari esa tun bo‘yi yog‘ochdek qotib turkab, erinchoqlik dardini muolaja qiladilar...
Qalb muolajasi ham shu tarzda kechadi. Olloh taolo bularning barchasini O’zining Kitobida bitta kalimada jamlagan:                     
«Endi kim (hayoti dunyodalik paytida Qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U Zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Van-Noziat, 40-41).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 08 Sentyabr 2009, 22:01:48
QALB XASTALIGINING BELGILARI VA UNING MUOLAJASI

Bilginki, badanning har bir a’zosi maxsus bir fe’l uchun yaratilgan. Qachonki u a’zo xastalansa, qilinishi lozim bo‘lgan fe’lni bajara olmaydi yoki qisman, iztirob bilan bajaradi. Qo‘l xastalansa, ushlash quvvatini yo‘qotadi. Ko‘z xastalansa, ko‘rolmaydi. Qalb xastalansa, u ham o‘zi uchun belgilangan ishni bajarishdan ojiz qoladi. Qalb uchun belgilangan ish esa ilm, hikmat, ma’rifat. Olloh taolo dedi:
«Men jin va insni faqat O’zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Vaz-Zariyot, 56).
Har bir a’zoning vazifasi bor. Qalbning vazifasi hikmat va ma’rifatni anglash. Inson yeyish, ichish, ko‘rish, eshitish va boshqa sezgilar bilan emas, balki insoniy aqli bilan hayvondan farqlanadi. Shu afzalligi bilan inson narsalarning mohiyatini anglaydi.
Olloh taolo barcha narsalarni yaratgan Zotdir. Agar inson barcha narsalarni bilsayu, ulug‘ va qudratli Rabbini tanimasa, demak u hech narsani bilmabdi. Tanish, bilishning alomati - muhabbat. Ollohni yaxshi ko‘rgan kishi Ollohni tanigan kishidir. Muhabbatning belgisi esa dunyo va undagi suyukli narsalarni Yaratuvchidan ustun qo‘ymaslik bilan belgilanadi. Olloh taolo aytadi:
«(Ey Muhammad), ayting: «Agar ota-onalaringiz, bolalaringiz, aka-ukalaringiz, juftlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz va kasb qilib topgan mol-dunyolaringiz, kasod bo‘lib qolishidan qo‘rqadigan tijoratlaringiz hamda yaxshi ko‘radigan uy-joylaringiz sizlarga Ollohdan, Uning payg‘ambaridan va Uning yo‘lida jihod qilishdan suyukliroq bo‘lsa, u holda to Olloh O’z amrini (ya’ni, azobini) keltirguncha kutib turaveringlar. Olloh itoatsiz qavmni hidoyat qilmas» (Tavba, 24).
Kimki biron narsani Olloxdan suyukliroq bilsa, uning qalbi marazdir. Bu bamisoli, non bilan suv bo‘laturib, loyga ishtahasi ochilgan me’daga o‘xshaydi. Albatta, bunday buzuq ishtaha me’daning kasalligidan dalolat.
Qalb xastaligining nozikligi shundaki, kishi bu dardga chalinganini sezmaydi. Lekin qalb xastaligini anglagan inson dardning og‘irligiga yarasha muolajaning ham og‘ir bo‘lishini, bunga ulkan sabr va matonat lozimligini tushunadi. Negaki, qalb xastaligining davosi shahvatlarga qarshi borish bilan amalga oshadi. Bu esa jon chiqishi bilan barobardir. Nafsda muolajaga sabr qilish quvvatini topish qandayam qiyin ish! Mayli, bu ish amalga oshdi — nafsda sabr hosil bo‘ldi. Endi dardni davolaydigan hoziq tabib topish undan-da muhol! Chunki, qalb dardining tabiblari — olimlarning o‘zi shu dardga chalingan. O’zini davolay olmagan tabib, qanday qilib, o‘zgani davolasin?
Shuning uchun ham bugun qalb xastaligi dardi bedavoga aylandi, «qalb tibbi», hatto «qalb xastaligi yo‘q narsa» degan da’vo bilan bu xastalikning mavjudligi inkor qilindi. Natijada xalq dunyoga muhabbat qo‘yishga, zohiri ibodat, botini odat va riyodan iborat amallarga yuz burdi. Qalb xastaligining alomatlari mana shulardir.
Qalb sihhatini tiklash e’tiborni dardga davo bo‘ladigan sabablarga qaratish bilan boshlanadi. Masalan, Olloh taolodan uzoqlashtiruvchi, halokatga olib boruvchi baxillik dardining davosi molni sarfu infoq qilishdir. Lekin ba’zida bu sarf isrof darajasiga o‘tib ketadi. Natijada baxillik marazidan xalos bo‘laman deb kishi isrof dardini orttiradi.
Misol uchun, tananing sovub ketishi haroratni ko‘tarish bilan muolaja qilinadi. Ammo, haroratni ko‘tarish haddan oshsa, bu ham kasallik. Aslida harorat va sovuqlik o‘rtasida tenglik bo‘lishi lozim edi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 16:08:21
Shuningdek, isrof va baxillik orasida ham mo‘‘tadillikni saqlash kerak. Toki bizga kerak nuqta ikki tarafdan bir xil uzoqlikda joy olsin.
Agar mo'tadillik neligini bilmoqchi bo‘lsang, saqlanishing lozim bo‘lgan xulqqa nazar sol. Bu xulq o‘zining ziddi bo‘lmish boshqa bir xulkdan senga yoqimli va yengil bo‘lsa, demak sen saqlanishing lozim bo‘lgan xulq bilan xulklangansan. Masalan, mol-dunyoni sarflashdan ko‘ra ularni to‘plash senga lazzatli va oson bo‘lsa, demak senda baxillik xulqi ko‘proq. Bas, mol-dunyongni.sarflashga tirish!
Agar mol-dunyoni keragicha saqlashdan ko‘ra noo‘rin sarflash senga lazzatli va yengil bo‘lsa, demak senda isrofgarlik xulqi ustun. Bas, molingni qo‘lda ushlab turishni o‘rgan!
Nafsingni kuzat. Qaysi fe’llarni qilishing osonu, qaysi fe’llarni qilishing qiyin ekanligini aniq bilib ol. Qalbingni mol-dunyoga bog‘lanib qolishdan asra. Shundagina sen mol-dunyoni noo‘rin sarflashdan ham, baxillikdan ham omonda bo‘lasan. Mol-dunyo sen uchun bamisoli suv. Biron tashnaning chanqog‘ini qondirish uchun sen uni ushlab turasan, biron muhtojning hojatini ravo qilish uchun sen uni sarflaysan, berayotganingdan zar-racha qiynalmaysan, aksincha lazzatlanasan.
Qaysi qalb shu darajaga yetsa, bilginki- Olloh uni salomat saqlabdi. Qalb nafaqat saxovat va baxillikda, balki boshqa barcha xulqlarda ham dunyoga zarracha bog‘lanib qolmasligi zarur. Nafs mol-dunyo mehridan uzilsagina sokinlashadi. Sokin nafs Olloh ato etgan ne’matlardan rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar, solihlar va ularga husni xulq bilan ergashgan bandalar qatoriga kirgan holda Parovardigori huzuriga qaytadi.
Haqiqiy o‘rtalikni topish nihoyatda mushkil ishdir. Kimki bu dunyoda qildan ingichka, qilichdan o‘tkir shunday mustaqim yo‘lni topgan bo‘lsa, oxiratda ham unga shunday yo‘l nasib etishi mumkin.
Ba’zan banda o‘rta yo‘lni yo‘qotib, na u yoqli, na bu yoqli bo‘lib qoladi. Natijada qalbi taraddudllr orasida muallaq qotadi. Shuning uchun ham bunday qalb azobga duchor.
«Hech shak-shubha yo‘qki, Biz O’zimiz unga (jahannamga) kirishga loyiqroq bo‘lgan kimsalarni juda yaxshi Bilguvchidirmiz. Sizlardan har biringiz unga tush-guvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringizga (ya’ni, U Zotning amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir. So‘ng Biz taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz»  (Maryam, 70-72).
Ya’ni, ularning to‘g‘ri yo‘lga yaqinligi ko‘proq. To‘g‘ri yo‘lga tushish mushkil bo‘lgani uchun ham har bir bandaga har kuni o‘n yetti marta «ihdinassirotol mustaqim» — O’zing bizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin deb so‘rash, bino-barin, har rak’atda «Fotiha» surasini o‘qish vojib bo‘ldi.
Rivoyat qilinadi, o‘tgan azizlardan biri Payg‘ambar alayhissalomni tushlarida ko‘rib: «Ey Ollohning rasuli, «Hud» surasi soqolimni oqartirdi» dedingiz, buning boisi ne?» deb so‘radi. Shunda Rasuli akram: «Olloh taoloning: «O’zingizga buyurilgani yanglig‘ To‘g‘ri Yo‘lda bo‘lingiz» (Hud, 112) degan so‘zi tufayli» dedilar.
Darhaqiqat, to‘g‘ri yo‘lda bo‘lish nihoyatda og‘ir. Lekin inson, garchi to‘g‘rilikning mohiyatiga yetishga qodir bo‘lmasada, iloji boricha unga yaqinroq borishga tirishmog‘i vojib. Najotga faqat solih amal bilan erishiladi.
Solih amal esa go‘zal xulqlardan sodir bo‘ladi. Bas, har bir banda o‘zining sifatlari va xulqlarini tekshirsin, hisobga tortsin. Tartib bilan birma-bir ularning mu-olajasini boshlasin. Ulug‘ Olloh barchamizni muttaqiylar jumlasidan qilsin.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 16:10:31
NAFS AYBLARINI QANDAY BILISH MUMKIN?

Olloh taolo bir bandasini yaxshilik bilan siylamoqchi bo‘lsa, unga nafsining ayblarini ko‘rsatib qo‘yadi. Kimning botin ko‘zi ochiq bo‘lsa, ayblari unga xavf sololmaydi. Ammo aksar xalq birodarining ko‘ziga zarracha gard tushsa, darrov ko‘radi, o‘zining ayblaridan, ko‘zlariga qamalgan ulkan «g‘am»dan esa bexabar.
Kimki, nafsidagi ayblarni bilmoqchi bo‘lsa, buning to‘rtta yo‘li bor.
Birinchisi, nafs ayblaridan xabardor, undan yetadigan yashirin ofatlardan ogoh shayxning huzurida bo‘lish. Bunda murid shayxni nafsiga hakam qiladi, nafs bilan ku-rashda u zotning ko‘rsatmasiga to‘la ergashadi. Bu murid bilan shayx, shogird bilan ustoz o‘rtasidagi muomaladir. Zero, shayx muridining, ustoz shogirdining nafsidagi ayb-larini va ularning muolaja yo‘lini yaxshi biladi.
Ikkinchisi, haqiqiy sodiq, ziyrak va diyonatli do‘st tanlamoq. Go‘yo bu do‘st uning nafsi ustidan kuzatuvchi vazifasini o‘taydi. Shunda u do‘stining tanbehu maslahatlariga qarab o‘zining ahvolu fe’llaridan, zohiru botin xulqlaridan ogoh bo‘ladi. Ulug‘larimiz shunday yo‘l tutardilar.
Umar roziyollohu anhu derdilar: «Ayblarimni menga xadya qilgan kishiga Olloh rahmatini yog‘dirsin».
Salmon Forsiy o‘z ayblarini o‘zgalardan so‘rab turardi. Alqissa, bir kishi uning huzuriga keldi. Salmon undan so‘radi: «Men haqimda qanday yomon so‘zlar eshitding?» U kishi o‘zini bilmaganga oldi. Lekin Salmon uni hech qo‘ymadi, gapirishga majbur etdi:
— Eshitdimki, dasturxoningizda doimo ikkita idom (nonga surib yeyiladigan yegulik. Tarj.) bo‘lar ekan. Kunduzi va tunda kiyadigan ikkiti kiyimingiz bor ekan.
—  Bundan boshqa ayblarim ham bormikan? so‘radi Salmon.
—  Yo‘q!
—   Shu ikkitasi ham kifoya qiladi, dedi Salmon. Salmon Forsiy Huzayfadan so‘rar edi:  «Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning munofiqlar haqida aytgan sirining sohibisan. Ayt-chi, menda ham nifoq alomati bormi?»
Qarang, sahobalarning ulug‘i Salmon shunday deyapti. Olloh rozi bo‘lsin, u azizlar o‘z nafsini shu tarzda hisob qilardi. Ha, ular aql jihatidan qanchalik komil, mavqe jihatidan qanchalik buyuk bo‘lsa, shunchalik o‘zlarini past tutar, nafsidan ayb qidirar edilar.
   Bugungi do‘stlar qanday? Hiyla-nayranglar bilan ayblaringni yashiradimi yoki hasad va g‘araz bilan ayb sanalmaydigan narsalarni ayb qilib ko‘rsatadimi?!
Dovud Toiy nima uchun odamlardan uzlat qilgan edi? Undan so‘raldi:
—  Nega odamlarga aralashmaysiz?
—   Ayblarimni mendan yashiradigan qavm bilan nima ham qilolardim, deb javob berdi Dovud Toiy.
Demak, o‘tgan ulug‘larimiz o‘zgalarga tanbeh berish bilan o‘z ayblariga e’tiborini qaratish yo‘lidan borgan. Biz nima qilamiz? Ayblarimizni yuzimizga aytgan kishi dushmanimizga aylanadi, unga nisbatan kek saqlaymiz. Bu iymon zaifligidan boshqa narsa emas.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 16:13:54
Yomon axloq zaharli ilon va chayonlarga o‘xshaydi. Agar birov ko‘ylagimizga yopishgan chayonni ko‘rib: «Ana ichingga chayon kirib ketyapti» desa, uning bu ogohlantirishidan minnatdor bo‘lamiz, tezda bu zaharli hasharotni o‘zimizdan uzoqlashtirishga harakat qilamiz, uni o‘ldiramiz. Chayon zaharining badanga ta’siri bir kun yoki undan ko‘proq bo‘lar. Ammo yomon axloqning qalbga ta’siri bundan xavfliroq. Negaki, u o‘limdan so‘ng ham davom etadi.
Afsus, biz yomon xulqimizdan ogoh etgan kishidan xursand bo‘lmaymiz, tezda bu yomon xulqdan qutulishga harakat qilmaymiz. Balki, nasihat qiluvchiga: «O’zing ham falon-falon ishlarni qilardingku!» deb ta’na yog‘diramiz. Bu qalbimiz qotganligidan dalolat. Qotgan qalbda esa faqat gunohlar «ko‘karadi», gunohlar «meva beradi». Aslida, barchasining ildizi iymon zaifligiga borib taqaladi. Olloh bizni aybini tan oladigan va uning muolajasi bilan mashg‘ul bo‘ladigan bandalardan qilsin, ayblarimiz bizni hidoyatga ilhomlantirsin. Halimligi va fazli bilan yomonliklarimizni o‘zimizga bildirgan kishining shukronasini ado qilishga muvaffaq etsin.
Uchinchisi, nafsining ayblaridan dushmanining tili orqali voqif bo‘lmoq. Negaki, yomonlik yomonlikni namoyon qiladi, ya’ni dushmaning og‘zidan chiqayotgan yomon so‘zlar sendagi yomon xulq, yomon fe’lni so‘zlayotgan bo‘lsa, ne ajab! Balki, ayblaringni yashirib, maqtovu olqishlarga ko‘mgan ayyor do‘stdan, har bir so‘zi nafratga to‘la dushmaning sen uchun manfaatliroqdir. Garchi tabiating uni yolg‘onchilikda, hasadgo‘ylikda ayblashga moyil bo‘lsada. Ammo, botin ko‘zi ochiq kishi hatto dushmanning so‘zida ham foyda borligini ko‘radi.
To‘rtikchisi, odamlarga aralashmoq, ya’ni xalq ichida bo‘lmoq. Kishi odamlar orasida bo‘lib, ulardan biron yomon fe’l sodir bo‘lganini ko‘rsa, o‘z nafsidan ham shu fe’lni izlasin, o‘zida ham shu xulq bor, deb e’tibor etsin. Chunki, mo‘min mo‘minning ko‘zgusi, boshqaning aybi orqali o‘zining ayblarini taniydi, dunyo muhabbatiga tobelikda tabiatlar bir-biriga yaqin ekanligini biladi. Ayni barobar narsalar hech qachon asl jihatidan bir-biridan farqlanmaydi.
Shunday ekan, nafsingni tergamoqni odat qil. Yomon ko‘rilgan narsalardan uni pokla, tanbehlar bilan uni yomonlikdan qaytar. Agar insonlar boshqalar tomonidan yomon deb topilgan narsalarning barchasini tark qilishganida edi, tanbeh beruvchiga hojatlari qolmasdi.
Iyso alayhissalomdan so‘rashdi: «Kim sizga odob berdi?» Shunda Iyso alayhissalom: «Menga hech kim odob bermadi, Balki, johilning nodonligi uning sharmanda bo‘lishiga sabab ekanligini ko‘rib, undan chetlandim» dedi.
Bularning barchasi orif, zakiy, nafsdagi ayblarni taniydigan basir, samimiy va mushfiq, Olloh taolo bandalarining tarbiyasi bilan mashg‘ul, ularga nasihatgo‘y shayxni topolmagan kishining hiylalaridir. Kimki shunday shayxni topsa, haqiqiy tabibni topibdi, uning etagidan mahkam ushlasin. Shu tabib uning darddan xalos bo‘lishiga, halokatdan najot topishiga sabab bo‘ladi.
Darvoqe, aslida tabibning ishi o‘zi shundan iborat.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 16:33:50
QALB XASTALIGINING MANBAI SHAHVATLARGA ERGASHISH VA UNING MUOLAJA YO’LI SHAHVATLARNI TARK ETISH EKANIGA SHARIAT VA AHLI BASIRAT DALILLARI

Agar yuqorida tilga olingan narsalar xususida chuqurroq o‘ylab, ularga jiddiy e’tibor bilan yondashsang, botin ko‘zing ochiladi.
Qalb illatlari, xastaliklari, ularning muolaja yo‘li ilm va yaqiyn (haqiqiy ishonch) nuri bilan namoyon bo‘ladi...
Ilmda daraja bo‘lgani kabi iymonda ham daraja bor. Ilm iymondan so‘ng hosil bo‘ladi. Olloh taolo deydi:
«Olloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur» (Mujodala,  11).
Kimki shahvatlarga qarshi bo‘lish Olloh taologa eltuvchi yo‘l ekanini tasdiqlasa, garchi bu tasdiqning sababi va sirridan. bexabar bo‘lsa-da, u mo‘minlar jumlasidandir. Agar shahvatni ziyoda qiluvchi va bu hisning kuchayishiga yordam beruvchi jihatlardan ogoh bo‘lsa, demak bu kishi ilm ato etilganlar toifasidandir. Olloh taolo ikkala holatda ham chiroyli oqibatni va’da qilgan. Olloh taolo aytadi: «Endi kim (hayoti dunyodalik paytida Qiyomat Kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va u Zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa, u holda, faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Van-Noziat, 40-41). Olloh taolo deydi:
«Ana o‘shalar Olloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan (ya’ni, taqvo imtihonidan o‘tgan) zotlardir» (Hujurot, 3).
Aytiladiki, shahvat muhabbati taqvoni dildan sug‘urib oladi. Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Mo‘min beshta balo ichidadir (ya’ni, mo‘min doimo beshta balo — ofatning qurshovida bo‘ladi. Tarj.): mo‘min unga hasad qiladi; munofiq uni yomon ko‘radi; kofir unga qarshi kurashadi; shayton uni adashtiradi; nafs u bilan nizoga boradi» (Abu Bakr ibn Lol rivoyati).
Rivoyat qilinadi, Olloh taolo Dovud alayhissalomga vahiy qildi: «Ey Dovud, ashobingni shahvatga qul bo‘lib qolishdan ogoh et. Chunki, shahvatga bog‘langan qalb men-dan to‘silgandir».
Iyso alayhissalom aytdi: «Ko‘z ko‘rmagan, g‘oyibda va’da qilingan narsa uchun shunday yonidagi shahvatni tark qilgan kishi qanday go‘zal!»
«Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom jihoddan qaytayotgan qavmga qarata dedilar:
—  Marhabo, kichik jihoddan ulug‘ jihodga keldingiz!
—  Yo Rasulalloh, ulug‘ jihod qaysi? so‘rashdi ashoblar.
—   Nafs bilan jihod, dedilar Rasuli akram» (Ibn Moja rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Ulug‘ va qudratli Olloh taologa itoat yo‘lida nafsiga qarshi kurashgan kishi mujohiddir» (Termizrga rivoyati).
Sufyon Savriy dedi: «O’zimga nafsimdan ko‘ra ashaddiyroq dushmanni ko‘rmadim», Abu Abbos Musiliy nafsiga qarata derdi: «Ey nafs, ne’matlarga burkangan boyvachchalar bilan bo‘lib, dunyodan nima topding? Oxirat g‘amida obidlar bilan ibodatlar qilding, yana nega norozisan? Men sen bilan go‘yo jannat va do‘zax orasida tutqundayman. Ey nafs, qachon fursatni g‘animat bilasan?».
Yahyo ibn Muoz Roziy aytadi: «Riyozat qilichlari bilan nafsingga qarshi kurash. To‘rtta ishda riyozat chekiladi. Bular: taom, uyqu, so‘z va ozorlarga toqat. Taomni kam yeyish dunyoga mehrni so‘ndiradi. Kam uyqu iroda-istaklarni tiniqlashtiradi. Kam gapirish ofatlardan saqlaydi. Ozorlarni ko‘tarish maqsadlarga eltadi. Banda uchun ozorlar yetganda sabr qilish, jafo ko‘rganda halim bo‘lishdan afzalroq holat yo‘q.
Qachonki nafsingda dunyo istaklariga mayl, gunohga rag‘bat uyg‘onib, ko‘p gapirishdan shirin ta’m tuysang, ichingda nimadir jo‘sh urib, hayajonlar og‘ushida o‘zingdan ketsang, bas, u holda kam taomlik qilichini tahajjud va kam uyqulik qinidan sug‘urib, yalang‘ochla. Keyin vazminlik va kam gaplik qo‘llaridagi bu qilichni dunyoga mayl va gunohga rag‘bat uyg‘otuvchi shahvatning boshiga sol, toki zulm va intiqomning bo‘yni uzilsin. Shunda naf-sing dunyoga mehr tufayli tug‘iladigan kulfatlardan va o‘zga balolardan omonda bo‘ladi. Nafsing shahvat zulmatlaridan poklanadi, ofatlar kishanidan qutiladi. Ana shunda u pokiza, yorug‘, yengil, ruhoniy nafsga aylanadi, uchqur otdek yaxshilik maydonlarida, itoat yo‘llarida chopadi, pok farishtadek bog‘u bo‘stonlarda kezadi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 16:35:25
Insonning uchta dushmani bor: dunyo, shayton va nafs. Zuhd bilan dunyodan ehtiyot bo‘linadi. Shaytonga qarshi bo‘lib, yomonligidan saqlaniladi. Shahvatlarni tark etish bilan nafsdan himoyalaniladi».
Donishmandlardan biri deydi: «Kim nafsga o‘zini topshirsa, dunyo mehr-muhabbatiga asir bo‘lib qoladi, kibru havo tuzog‘iga ilinadi, shahvatlar uni xohlagan tarafiga tortadi, qalbini xayrdan to‘sadi».
Ja’far ibn Homid aytadi: «Ne’matlarga ne’matlarni tark etish bilan yetiladi».
Abu Yahyo Varroq deydi: «Kimki a’zolarini shahvatlar bilan to‘ydirsa, bilsinki, qalbiga afsusu nadomat urug‘ini ekkan bo‘ladi».
Vahib ibn Vard deydi: «Non bo‘laturib, yana qo‘shimcha yeguliklarni istash shahvatdir. Kimki dunyo shahvatlarini sevsa, xorlikka hozirligini ko‘raversin»...
Bir kishi Umar ibn Abdulazizga dedi:
- Qachon gapiray?
—  Jim bo‘lnshni xohlaganingda!
-  Qachon jim bo‘lay?
—  Gapirishni xohlamaganingda, dedi Umar ibn Abdulaziz. Aliy ibn Abu Tolib dedi: «Jannatga mushtoq kishi bu dunyoda shahvatlarni unutadi».
Ulamo va hukamo shunga ittifoq qilishgan: nafsni kibru havodan tiyish va shahvatlarga xilof yo‘l tutish bilangina oxirat saodatiga erishish mumkin. Bunga iymon keltirish vojib.
Riyozatning xosili va siri qabrning tashqarisida qoladigan narsalardan zarurat miqdorida foydalanishdan iborat. Bu narsalarga yeyish, ichish, nikoh, libos, maskan, xul-las ehtiyoj va zarurat miqdoridagi tiriklik hojatlari kiradi. Chunki bu hojatlarning birortasidan ortiqcha lazzatlanish paydo bo‘lsa, demak nafs bu lazzatni o‘ziga do‘st tutgan va undan ajralolmay qolgan. Mana shu lazzat tufayli inson o‘lganidan so‘ng dunyoga qaytishni orzu qiladi. Negaki, bunday holatda uning uchun oxiratda ulush yo‘q.
Olloh ma’rifati, muhabbati va bu yo‘lda tafakkur qilish bilan mashg‘ul qalbgina o‘limdan so‘ng dunyoga qaytish istagidan xalos bo‘ladi, Bu quvvatni Olloh ato etadi. Banda zikr va fikrni to‘smaydigan darajada dunyodan foydalanadi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 16:38:10
Bu haqiqatni anglashda odatlar to‘rt guruhga bo‘linadi.
Birinchisi — siddiqlar. Siddiq kishining qalbi Ollohning zikriga g‘arq bo‘ladi. U tiriklik ehtiyoji darajasida dunyoga bog‘lanadi. Bu darajaga davomli riyozat va uzoq sabr bilan erishiladi.
Ikkinchisi - halok bo‘luvchilar. Bu guruh kishilarining qalbi dunyoga g‘arq. Ular faqat tilidagina «Olloh» deydi.
Uchinchi guruhdagi kishi ham dunyo, ham din bilan mashg‘ul. Lekin uning qalbi ko‘proq dinga moyil. Bu kishi do‘zaxga kiradi. Ammo Olloh zikri qalbini qanchalik egallaganiga qarab, do‘zaxdan tezda xalos bo‘ladi.
To‘rtinchisi — din bilan mashg‘ul, ammo qalbida dunyo g‘ami ko‘proq kishi. U do‘zaxda uzoqroq muddat qoladi. Lekin qalbida o‘rnashgan zikrning quvvati va samimiyatiga qarab, albatta u yerdan chiqadi, garchi qalbida dunyo g‘ami ustunroq bo‘lsada. Ollohim, bizni bunday sharmandalikdan asra, O’zing panohingga olguvchi Zotsan.
«Muboh (ya’ni, qilish yoki qilmaslik ixtiyoriy ish. Tarj.) amalni qilish muboh. Shunday ekan, muboh ish qanday qilib Olloh taolodan uzoqlashishga sabab bo‘lishi mumkin?» degan savol tug‘ilsa, javobimiz shunday: masalani bunday tushunish zayiflik. Dunyoni yaxshi ko‘rish barcha xatoning boshi, har qanday solih amalning bekor bo‘lishiga bosh sababdir. Hojatdan tashqari muboh ish ham, aslida, dunyoga muhabbatdan kelib chiqadi.
Ibrohim Xavos shunday hikoya qiladi: «Bir kuni Lukom tog‘ida hosilga kirgan anorlarni ko‘rib qoldim. Yegim kelib, bittasini uzdim. Yorib qarasam, anor hali xom ekan, tashlab yubordim. Shunda chekkaroqda och va yupun holda yotgan, ustida pashshayu arilar g‘ujg‘on o‘ynayotgan bir odamga ko‘zim tushdi.
—   Assalomu alaykum, dedim.
—   Va alaykum assalom, ey Ibrohim, dedi u.
—   Meni qaerdan taniysan? dedim unga.
—  Ulug‘ va qudratli Zotni tanigan odamga hech narsadan xavf yo‘q, javob berdi u.
—  Senda ulug‘ va qudratli Zot bilan bog‘liq bir holni ko‘rayapman. Olloh seni arilardan himoya qilishini nega so‘ramaysan?
—  Men ham senda Olloh taolo bilan bog‘liq bir holni ko‘rayapman. Nega Olloh taolodan anorga bo‘lgan shahvatdan seni tiyishini so‘ramading? Axir, anorning «chaqishi» arining nishidan shiddatliroq! Negaki, arining chaqishidan yetgan og‘riq bu dunyoda tugaydi, anorniki esa 1.)oxiratda ham davom etadi, dedi u».
Sirriy aytadi: «Mana qirq yildan beri nafsim nonni qiyomga botirib yeyishni talab qiladn, hali talabini qondirmadim».
Demak, to nafs muboh ishlardan tiyilmas ekan, oxirat yo‘lida qalbni isloh qilish qiyin. Chunki, nafsni muboh ishlardan tiyib turmasang, ta’qiqlangan ishlarga tam’a qila boshlaydi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 16:45:07
Tilini g‘iybat va ortiqcha so‘zlardan tiyishni xohlagan kishining haqqi sukutdir. Albatta, Ollohni zikr qilish, Olloh bilan bog‘liq suhbatlar bundan mustasno. Chunki bunday suhbat ko‘p gapirish va ko‘p gapirishni yaxshi ko‘rish kabi shahvatlardan xoli. Bu suhbat ahli faqat haqni gapiradi, yo‘qsa sukut qiladi. Ularning sukuti ham, gapi ham ibodatdir.
Ko‘zlar faqat go‘zal narsalarga nazar tashlashga qanchalik odatlanmasin, nigohni halol bo‘lmagan narsalarga qarashdan tiyolmaydi.
Boshqa shahvatlar ham shunga o‘xshaydn. Halolni istashi mumkin bo‘lgan a’zoning ayni o‘zi haromni ham xohlashi mumkin. Shahvat, ya’ni istak bir xildir. Bandaning vazifasi shahvatni haromdan tiyish. Kimki shahvatni zarurat chegarasida yurishga o‘rgatmasa, shahvat undan g‘olib keladi. Bu mubohot(ruxsat bor, deb har qanday amalni qilaverish. Tarj.) ofatlaridan biri bo‘lib, uning ortida bundan ham kattaroq balolar bor. Bu balolardan biri — nafsning dunyodan lazzat olib, xursand bo‘lishi, dunyoga suyanib qolishi, dunyo bilan gerdayib, o‘zini xotirjam tutishi. Bunday odam go‘yo kayfi tarqamayotgan mastga o‘xshaydi.
Mol-dunyoga quvonish shunday halokatli zaharki, uning yo‘li tomirlarda. Bunday «quvonch» bilan zaharlangan qalbni Olloh qo‘rqinchi, oxirat g‘ami, o‘lim qayg‘usi, Qiyomatning dahshatli manzaralari tark etadi. Bu esa qalbning halokatidan dalolat.
Olloh taolo ular haqida deydi:
«Albatta Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan hayoti dunyoning o‘zigagina rozi bo‘lib, o‘sha bilan xotirlari jam bo‘lgan kimsalar hamda Bizning oyatlarimizdan g‘ofil qolgan kimsalar - ana o‘shalarning joylari, kasb qilib o‘tgan gunohlari sababli do‘zaxdir» (Yunus, 7).
«(Mushriklar) mana shu hayoti dunyo bilan shod-xurram bo‘ldilar, holbuki bu hayoti dunyo Oxirat oldida faqat bir arzimas matodir» (Ra’d, 26).
«Bilinglarki, bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgu, zeb-ziynat, o‘rtalaringizdagi o‘zaro maqtanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdir, xolos...» (Xadid, 20).
Mazkur oyatlardagi ma’nolarning barchasi tanbehdir, Ollohning O’zi bizni dunyo shahvatlariga berilishdan omonda saqlasin.
Himmatli qalb egalari shod-xurram holatda qalblarini dunyoga mashg‘ul qilish bilan sinaydilar. Natija shu bo‘ladiki, qalblarining toshdek qotib ketganini, Olloh va oxirat yodidan naqadar uzoqlashganini ko‘radilar. Aksincha, qayg‘uli holatda qalblarining yumshoq, halim, musaffo va zikrga moyil bo‘lib qolganini ko‘radilar. Shunda ular anglaydilar: haqiqiy najot doimiy shod-xurramlikda emas, balki hazinligu ma’yuslikdadir. Bas, ular qalblarini dunyo lazzatlaridan tiyishga, xoh halol, xoh harom bo‘lsin, dunyo shahvatlaridan saqlanishga, sabrga o‘rgatadilar.
Ular biladi, dunyo shahvatlarining haloli uchun hisob, haromi uchun azob, shubhalilari uchun itob (tanbeh) bor va itob ham, aslida, azobning bir turi. Kimki Qiyomat maydonida hisobga tortilsa, albatta azob chekadi.
Shahvatlarga asiru qullikdan xalos topib, Olloh zikrini qalbiga do‘st tutgan, Ollohning itoatida bo‘lganlar jonlarini azobdan qutqaradilar, hurlikka, dunyo va oxi-ratda doimiy mulkka erishadilar.
Yovvoyi, vahshiy lochin qo‘lga qanday o‘rgatilsa, shahvatlar ham shu yo‘sinda tarbiya qilinadi. Avvalo lochin qorong‘u uyga qamaladi. Havoda uchib yurgan qushlarga tashlanish istagi bosilguncha ko‘zlari tikib qo‘yiladi. Shu tarzda lochin o‘zining yovvoyi tabiatini unutib, qo‘lga o‘rgana boradi. Egasini taniydigan bo‘ladi, chaqirsa, keladi.
Shuningdek, nafs ham to xilvat va uzlat bilan o‘zining yovvoyi odatlaridan ozod bo‘lmaguncha egasiga do‘st bo‘lolmaydi. Buning uchun avval, quloq va ko‘zni g‘iybat, lag‘v, ko‘z zinosi kabi yomon odatlardan saqlamoq lozim. So‘ngra a’zolarni xilvatda zikr va duo bilan mashg‘ul qilinadi. Asta-sekin ularning dunyo va boshqa shahvatlar bilan ulfat tutinishi so‘nib, buning o‘rnini Olloh taoloning zikriga muhabbat egallaydi. Boshlanishida bu holat muridga og‘ir keladi. Keyin undan lazzat oladi. Bamisoli, ko‘krakdan ayrilgan bola kabi. Avvaliga bola ko‘krakka talpinadi, ayriliqqa toqat qilolmaydi, tinimsiz uni yo‘qotib yig‘laydi. Sut o‘rniga berilayotgan taomdan yuz o‘giradi. Lekin bu hol uni charchatadi, ochlik g‘olib keladi, taomni majburan yeydi. Bora-bora taom yeyish uning tabiatiga aylanadi. Shundan so‘ng bolaga ko‘krak tutilsa, ko‘krakdan yuz buradi, emmaydi, sutdan chiqib, taomni yoqtirib qoladi.
Miniladigan hayvon ham boshida egardan, jilovdan qochadi. Majburan bog‘lab qo‘yib, uni egar - jabduqqa o‘rgatiladi. O’rganganidan keyin esa jilov va arqonsiz ham joyida turaveradigan bo‘ladi.
Nafs ham qush va hayvon kabi tarbiyalanadi. Nafs tarbiyasi dunyo ne’matiga, umuman, o‘lim kelishi bilan yo‘q bo‘lib ketadigan har qanday narsaga nazar qilish, uni do‘st tutish, undan shodlanish kabi illatlardan saqlanish bilan amalga oshadi.
Agar kimgadir: «Kuni kelib, ajrab qoladigan narsaga muhabbat qo‘yibsan» deyilsa va u o‘zining shubhasiz bir kuni ayrilib qoladigan narsaga muhabbat qo‘yib yurganini anglasa, albatta o‘shanda uning qalbi hech qachon o‘zidan ayrilmaydigan narsani suyish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu Olloh taoloning zikridir. Chunki, zikr qabrda ham egasiga do‘st, undan ajralmaydi.
Bularning barchasiga ozgina sabr bilan erishiladi. Negaki, oxirat hayotiga nisbatan bu umrning o‘zi ozginadir. Ha, abadiyatga nisbatan dunyoning butun umri hechdir...
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:33:33
Holatiga ko‘ra Har bir insonning jiddu jahd va riyozat yo‘li farqlanadi. Eng asosiysi, dunyoga xursand bo‘lish tuyg‘usidan qutulishdir. Kishi mol-dunyosiga, mansab — martabasiga quvonadi. Pand-nasihatimni olishyapti, hukmim va boshqaruvim joriy bo‘lyapti, ko‘pchilik menga ergashyapti, deb izzatiga quvonadi. Avvalo, mana shu quvonchni uyg‘otayotgan narsani tark qilish lozim. Agar unga: bunday quvonchlardan kech, ulardan kechishing bilan oxiratdagi savobing kamaymaydi, desang, og‘rinadi. Demak, bu kishi dunyo hayotiga shod-xurram bo‘lyapti, undan qalbi orom olyapti. Bu o‘ta xatarlidir.
Kimki dunyo shodligini tug'dirayotgan sabablarni tark qila olsa, odamlardan chekinadi, nafsi bilan yolg‘iz qoladi. Olloh taolodan o‘zganing zikri va fikri bilan mashg‘ul bo‘lmasligi, shahvat va shayton vasvasasi bosh ko‘tarib qolmasligi uchun qalbini doimiy kuzatadi va qo‘riqlaydi. Negaki, har qanday vasvasaning sababi bor. To o‘sha sabab va aloqa to‘la kesilmaguncha vasvasa yo‘qolmaydi.
Shunday ekan, butun umr davomida bunga qarshi kurashmoq lozim. Kurash esa to o‘limgacha tugamaydi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:38:36
GO’ZAL XULQ BELGILARI

Bilgil! Inson o‘z nafsining ayblaridan bexabardir. Agar u nafsiga qarshi ozgina jiddu jaxd qilsa, ko‘pgina ma’siyat ishlardan qutuladi. Lekin o‘sha onda darhol u shunday xayol qila boshlaydi: nafsim tarbiya topdi, xulqim go‘zallashdi, endi nafsga qarshi kurashishga hojat yo‘q!
Aslida, «go‘zal xulq» degani nima? Uning qanday alomatlari bor? Shu haqda fikr yuritaylik.
Go‘zal xulq — iymon, yomon xulq — nifoqdir. Olloh taolo O’zining kitobida mo‘minlar va munofiqlarning sifatlarini zikr qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu sifatlar yaxshi va yomon xulq mevalaridir.
«Ular namozlarida (qo‘rquv va umid bilan) bo‘yin eguvchi kishilardir. Ular behuda-foydasiz (so‘z va amallardan) yuz o‘girguvchi kishilardir. Ular zakotni (ado) qilguvchi kishilardir. Ular avratlarini (haromdan-zinodan) saqlaguvchi kishilardir... Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga (ishonilgan) omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir. Ular (barcha) namozlarini (vaqtida ado etib, qazo bo‘lishdan) saqlaguvchi kishilardir. Ana o‘shalar Firdavs (jannatiga) merosxo‘r bo‘lguvchi vorislardir» (Mo‘minun, 2-10).
«(Ular) - tavba qilguvchilar, (Ollohning O’zigagina) ibodat qilguvchilar, shukr qilguvchilar, ro‘za tutguvchilar, ruku’-sajda qilguvchilar, yaxshilikka buyurguvchi-lar, yomonlikdan to‘xtatguvchilar, Olloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalarga doimiy rioya qilguvchi (mo‘min)lardir»  (Tavba,  112).
«Haqiqiy mo‘minlar faqat Olloh (nomi) zikr qilingan vaqtida qalblariga qo‘rqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganida iymonlari ziyoda bo‘ladi-gan va Yolg‘iz Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilardir. Ular namozni to‘kis ado etadilar va Biz ularni bahramand qilgan narsalardan infoq-ehson qiladilar. Ana o‘shalar haqiqiy mo‘minlar bo‘lib, ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya’ni, jannatda, yuksak) darajalar, mag‘firat va ulug‘ rizq bordir» (Anfol, 2-4).
«Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar ularga (bema’ni) xitoblar qilgan vaqtida ham «Omon bo‘linglar» deya javob qiladigan kishilardir» (Furqon, 63).
Oyatlarda keltirilgan sifatlarni o‘zingdan izla. Topilsa, demak sen go‘zal xulq sohibisan. Kimda bu sifatlarning birortasi yo‘q ekan, demak u yomon xulqli kishidir. Agar bu sifatlarning birortasi senda bo‘lsa, qolganlarini hosil qilish uchun tirish.
Payg‘ambar alayhissalom mo‘minning ko‘p sifatlarini vasf qildi va har bir ummatini o‘sha sifatlarni o‘zida jamlashga da’vat etdi.
Rasuli akram aytdilar: «Mo‘min o‘ziga ravo ko‘rgan narsasini birodariga ham ravo ko‘radi» (Anas rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom dedilar: «Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirgan kishi mehmonini siylasin» (Muttafaqun alayh).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:43:24
Rasuli akram aytdilar: «Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisining hurmatini joyiga qo‘ysin» (Muttafaqun alayh).
Yana dedilar: «Kimki Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, xayrni gapirsin yoki jim bo‘lsin» (Muttafaqun alayh).
Mo‘minlarning sifati go‘zal xulq ekanini zikr qilib, deydilar: «Iymoni eng komil mo‘min xulqi go‘zalidir».
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Agar kamgap, bosiq mo‘min kishini ko‘rsangiz, unga yaqinlashing. Chunki u hikmat sochadi» (Ibn Moja rivoyati).
Rasuli akram dedilar: «Kim yaxshi amalidan xursand bo‘lib, yomon amalidan xafa bo‘lsa, u mo‘mindir» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Birodariga ozor yetkazadigan nazar bilan ishora qilish mo‘min kishiga halol emas» (Ibn Muborak rivoyati).
Bu sifatlarning hammasiga bo‘lmasa ham ba’zisiga ega bo‘lish ham go‘zal xulq belgilaridandir. Kimdir hayosi ko‘p, ozori kam, gapi kam, amali ko‘p, vazmin sabrli, shukrli, qanoatli, halim, dilkash, uyatchan, mehribon bo‘ladi. La’natlamaydi, so‘kmaydi, chaqimchilik, g‘iybat qilmaydi. Shoshqaloq, keqdor, baxil, hasadgo‘y emas. Doimo yuzlari ochiq, jilmayib turadi, didi nozik. Olloh yo‘lida yaxshi ko‘radi, Olloh yomon ko‘rganni yomon ko‘radi. Olloh uchun rozi bo‘ladi, Olloh uchun g‘azablanadi. Bular go‘zal xulkdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mo‘min va munofiqning belgisi haqida so‘rashdi. Dedilar: «Mo‘min namozga, ro‘zaga, ibodatga g‘ayratu himmat ko‘rsatadi. Mu-nofiqning himmati esa hayvon kabi taom va sharobga kuchli bo‘ladi».
Hotamul Asom aytdi: «Mo‘min fikr va ibratlarga, munofiq hirs va orzu-havasga mashg‘ul. Mo‘min faqat Ollohdan umid qiladi, Munofiq Ollohdan boshqa barchadan umidvor. Mo‘min Ollohdan boshqa barchasidan omonda. Munofiq Ollohdan boshqa barchasidan xavfda. Mo‘min molini berib, dinini qoldiradi. Munofiq dinini berib, molini qoldiradi. Mo‘min yaxshilik qiladi va yig‘laydi. Munofiq yomonlik qiladi va kuladi. Mo‘min xilvatni va yolg‘iz qolishni yaxshi ko‘radi. Munofiq ko‘plikka aralashishni, yig‘ilishlarni suyadi. Mo‘min ekadi va hosili fasod topishidan qo‘rqadi. Munofiq ekilganni sug‘uradi, payhon qiladi, yana hosildan umidvor. Mo‘min tadbiru siyosat o‘z iziga tushishi uchun yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradi, isloh qiladi. Munofiq rayosat, ya’ni boshqaruvni qo‘lga kiritish uchun amru nahy qiladi, lekin buzadi».
Go‘zal xulq aziyatlarga sabr qilish, jafolarga bardosh berishda ko‘proq sinaladi. Kimki birovning xulqi yomonligidan shikoyat qilsa, bu o‘zining xulqi yomonligidan dalolat. Go‘zal xulq aziyatlarga bardosh berishdir. Rivoyat qilinadi, bir kuni Payg‘ambar alayhissalom yurib kegayotgan edilar. U zot bilan birga Anas roziyallohu anhu ham bor edi. Bir a’robiy Rasuli akramga yetib, kiyimlaridan qattiq tortdi. Kiyimlari najroniy matodan bo‘lib, yoqasi dag‘al edi. Anas roziyallohu anhu deydi: «O’shanda Rasulullohga nazar solib, bo‘yinlarida dag‘al yoqaning izlari qolganini ko‘rdim.
—   Ey Muhammad, dedi a’robiy.
—   Ollohning sendagi molidan menga ehson qil! Rasululloh sollalohu alayhi vasallam a’robiyga qayrilib qaradilar va jilmaydilar. So‘ngra unga ehson qilishni buyurdilar» (Muttafaqun alayh).
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:45:14
Rivoyat qilinishicha, Abu Abdulloh tikuvchilik qilar zdi. Uning bir majusiy mijozi bo‘lib, doimo unga nimadir tikdirib, haqqiga soxta dirhamlar berardi. Abu Abdulloh dirhamlarning soxta ekanini aytmasdi, ularni egasiga qaytarib ham bermasdi. Bir kuni Abu Abdulloh do‘konni shogirdiga topshirib, ba’zi hojatlar uchun chiqib ketdi. Majusiy do‘konga kelib, Abu Abdullohni uchratolmadi va tikilgan narsalarning haqqini shogird-ga berdi. Shogird dirhamlarning soxtaligini bilib, ularni majusiyga qaytardi.
Abu Abdulloh kelgach, shogirdi unga bo‘lgan voqeani aytdi. Shunda Abu Abdulloh: «Juda yomon ish qilibsan. Bu majusiy bir yildan beri menga shu muomalani qilayotgan, men unga sabr qilayotgan edim. Undan dirhamlarni olardim va musulmonlar aldanib qolmasin, deb ularni quduqqa uloqtirardim».
Yusuf ibn Asbot deydi: «Go‘zal xulqning o‘nta belgisi bor: ziddiyatning kamligi, chiroyli adolat, xato izlamaslik, yomon fe’l yo amalni sezishi bilan darhol uni yax-shilashga kirishish, kechirimli bo‘lish, aziyatlarga chidash, nafsini malomat qilish, o‘zganing emas, o‘zining aybi bilan chegaralanish, kattayu kichikka ochiq yuzli bo‘lish, o‘zidan xoh past, xoh baland mavqeli kishiga xush muomala bo‘lish.
Sahl ibn Tustariydan go‘zal xulq haqida so‘rashdi. «Go‘zal xulqning eng quyi darajasi ozorlarga toqatli bo‘lish, zolimga rahm etish, unga mag‘firat va shafqat tilash» dedi Sahl.
Axnaf ibn Qaysdan so‘rashdi:
—  Hilmni kimdan o‘rgandingiz?
—   Qays ibn Osimdan, dedi.
—  Uning hilmi qanday edi?
Axnaf hikoya qila boshladi. — Qays hovlisida o‘tirgan edi. Cho‘risi unga bir six qaynoq kabob keltirdi. Six bexosdan cho‘rining qo‘lidan sirg‘alib tushdi va shu yerda yotgan go‘dakning ko‘kragiga qadaldi. Bola Qaysniki edi, u shu zahoti jon berdi. Cho‘ri dahshatdan qo‘rqib ketdi. Shunda Qays cho‘risiga: — Qo‘rqma, Olloh yo‘lida seni ozod qildim, dedi.
Bir kishi Axnaf ibn Qaysni so‘kdi. Axnaf so‘kuvchiga javob bermadi va uning izidai ergashdi. Qishloqqa yaqinlashgach, to‘xtadi va: — Agar ichingda aytilmay qolgan gaplaring bo‘lsa, ayt. Qishloqdagi ba’zilar gapingni eshitib, senga ozor berib yurmasin, dedi...
Yahyo ibn Horisiyning xulqi yomon quli bor edi.
—  Nega uni huzuringizda ushlab turibsiz? so‘rashdi.
—  Uning xulqidan hilmni o‘rganish uchun, dedi Yahyo ibn Ziyod.
Nafs mana shunday riyozatlar bilan tarbiya topadi, xulqlar go‘zallashadi. Botin g‘ashlikdan, soxtaliqdan, kekdan poklanadi. Ana shunda nafs go‘zal xulqning yuksak darajasiga erishadi — Olloh taolo taqdir qilgan barcha narsaga rozi bo‘lish sifatini hosil qiladi. Ollohning taqdiriga rozi bo‘lmaslik g‘oyat yomon xulqdir. Yuqorida aytilganidek, buning alomati zohirdan sezilib turadi.
Bu alomatlardan xoli nafs ham «xulqim go‘zal» deb aldanib qolmasin. Balki, riyozat va jiddu jahd bilan go‘zal axloq kamoli uchun intilsin. Bu yuksak darajaga esa faqatgina muqarrab va siddiq degan sifat bilan yetish mumkin.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:46:40
BOLA TARBIYASI, ODOB VA GO’ZAL XULQ DARSI

Bilgin! Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi. Agar bola yaxshilikka o‘rganib, yaxshilik ichida voyaga yetsa, dunyo va oxirat saodatini topadi. Albatta bu savobga uning ota-onasi, muallimi va unga tarbiya bergan har bir kishi sherikdir.
Agar bola e’tiborsiz tashlab qo‘yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, badbaxtlikka yuz tutadi va halok bo‘ladi. Bunda gunoh yuki bolani shu ko‘yga solganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi.
Ulug‘ va qudratli Olloh deydi:
«Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli oilalaringizni do‘zaxdan saqlangiz» (Tahrim, 6).
Ota farzandini dunyo olovidan qanchalik himoya qilsa, oxirat olovidan undanda ko‘proq himoya qilmog‘i kerak. Odobu tarbiya vositasida yaxshi xulqlarni o‘rgatish, yomonliklardan qaytarish, to‘kin-sochinlikka odatlantirmaslik, ziynatga muhabbat uyg‘otmaslik bilan ota farzandini oxirat olovidan saqlaydi. Aksincha, bola dunyo talabida ulg‘aysa, abadiy halokatga yuz tutadi.
Farzand dunyoga kelgan ilk kunlaridanoq kuzatuv ostida bo‘lmog‘i lozim. Bolani emizish va murabbiylik ishlari diyonatli, halol ayolgagina ishonib topshirilishi mumkin. Chunki, haromdan hosil bo‘lgan sutda baraka yo‘q. Agar undan iste’mol qilsa, bolaning qoniga harom aralashadi va tabiati haromga moyil bo‘lib qoladi.
Yaxshi-yomonni farqlash hissi bolada shakllana borgani sayin nazoratni kuchaytirmoq lozim. Buning avvalgi belgisi unda hayoning ilk nishonalari zohir bo‘ladi. Shunchaki tortinib turish hali hayo emas. Balki, aql nuri erishib, bola ba’zi ishlarning boshqasiga zid ekanligini ko‘radi, xunuk deb topgan ishlarni qilishdan uyala boshlaydi. Bu Olloh taoloning unga hadyasi, xulqning pokligidan, qalbning sofligidan darak beruvchi bashorat, aqlining kamolga yetayotganidan xushxabardir.
Hayoli bolani e’tiborsiz tashlab qo‘yish yaramaydi. Balki unga hayo odobini o‘rgatish bilan yordam bermoq lozim.
Ko‘pincha bolalarda taomga ochko‘zlik bilan tashlanish tuyg‘usi g‘olib bo‘ladi. Bunda tarbiya taom yeyish odobidan ta’lim berish bilan boshlanadi. Masalan, taomni o‘ng ko‘lda yeyish, «bismilloh» bilan boshlash, kattalardan oldin laganga qo‘l cho‘zmaslik va taomni faqat o‘zining oldidan olish, yeyayotgan kishining og‘ziga qarayvermaslik, shoshmasdan, yaxshilab chaynab yeyish, luqmani og‘ziga ketma-ket tiqavermaslik, taom yuqini kiyimiga artmaslik, ba’zan ziravor yoki shirinliklarsiz quruq nonning o‘zini yeyishga odatlanish.
Shuningdek, ko‘p taom yeyishning yomonligi, bu hayvonlarga xos xususiyat ekanligi, odobli bola taomni kam yeyishi, boriga qanoat qilishi, taom tanlamaslik haqida gapirilsa, bu ham tarbiyadir
Bolada rang-barang va ipakdan bo‘lgan kiyimlarga emas, oddiy oq rangdagi kiyimlarga rag‘bat uyg‘otish lozim. Rang-barang ipak kiyimlar ayollarga xos ekanligi. erkak kishi bunday narsalardan uzoqroq yurishi bolaning yonida bot-bot eslatib turilishi kerak. Ana shunda bolada rang-barang va ipakdan bo‘lgan kiyimni yoqtirmaslik tuyg‘usi hosil bo‘ladi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:47:25
Bolani to‘kin-sochinlikda, qimmatbaho kiyimlar kiyib o‘sgan bolalardan, bunday dabdabali hayotga rag‘bat uyg‘otadiganlar davrasiga aralashib qolishdan asramoq zarur. Chunki voyaga yetayotgan bolani e’tiborsiz tashlab qo‘yilsa, ko‘p hollarda bu axloqning tubanlashuviga sabab bo‘ladi. Natijada bola ulg‘aygach, kazzob, hasadgo‘y, o‘g‘ri, chaqimchi, qaysar, mahmadana, yengiltak, makkor, behayo, yaramas bir kimsaga aylanib qolishi mumkin.
Bulardan saqlanishning yo‘li — chiroyli tarbiya. Keyin maktabda dars bilan mashg‘ul bo‘lmoq, Qur’on va hadis ta’limini olmoq. Solih insonlar va ularning holatlari haqida tinglangan hikoyalar qalbda ularga muxabbat uyg‘otadi.
Bolani ishq va ishq ahli zikr qilingan she’rlardan, bunday she’rlar zarofatni va nozik ta’bni tarbiyalaydi, deb o‘ylaydigan adiblar orasiga aralashib qolishdan saqlamoq lozim. Chunki bu narsalar bolaning qalbiga fasod urug‘ini sepadi.
Qachonki bolada chiroyli xulq, maqtovga arzigulik bir fe’l sodir bo‘lsa, uni hurmat bilan sharaflamoq, ko‘nglini quvontiradigan narsa bilan taqdirlamoq, ko‘pchilik orasida bu fe’lini izhor etmoq zarur. Ba’zi holatlarda bir marta bu fe’liga xilof ish qilib qo‘ysa, uni ko‘rmaganga olish foydaliroq. Ayniqsa, bola bu ishini yashirishga harakat qilsa. Chunki, bola bunday holda aybidan ortiqroq jazoga tortilib qolsa, jazo aks ta’sir etishi, aybining ochilib qolishiga o‘rganib, xatoga jur’atli bo‘lib qolishi mumkin.
Agar bola siz ko‘rmaganga olgan aybini yana takrorlasa, u holda unga yashirin, ya’ni yolg‘izligida tanbeh bermoq, bu ishning oqibati yomon bo‘lishini uqtirmoq lozim. Lekin tanbehning haddan oshib ketishidan saqlanmoq kerak. Aks holda, bolaning qulog‘i malomatga, xunuk so‘zlarga odatlanib, pand-nasihatlar qalbga yetib bormaydigan bo‘lib qolishi mumkin.
Bola tarbiyasida otaning qat’iyati, so‘zidan qaytmasligi muhim ahamiyatga ega. U o‘zining bu tabiatini farzandiga doimo sezdirib turiish.zarur. Ona ham o‘z navbatida otaning aynan shu xususiyatini bolaning yodiga solib turmog‘i, shu tarzda farzandini yomonliklardan qaytarmog‘i lozim.
Ertalabki uyqu bolani yalqov qilib qo‘yadi. Kechqurun ertaroq uxlash esa koni foyda. To‘shakning haddan tashqari yumshoq bo‘lishi gavdaning egiluvchanligini kamaytiradi, a’zolarning qotishiga olib keladi. Semirish taomga rag‘batni kuchaytiradi. Shuning uchun bolani dag‘alroq to‘shakka, odmiroq libosga, oddiy taomga o‘rgatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa.
Bola nimaniki yashirin qilsa, bu uning o‘sha ishni yomon deb bilgani tufaylidir. Demak, unga har bir ishni ochiq qilishni o‘rgatmoq vojib.
Ertalabki badan tarbiya dangasalikni quvadi. Kiyimlarining oldini ochib, qo‘llarini yoyib, shoshib yurish odobga muvofiq emas. Ota-onasida bor narsalar bilan yoki tansiq yegulik, qimmatbaho liboslari bilan, antiqa qalam-daftarlari bilan do‘stlariga maxtanmog‘i yomon xulqdir. Balki, u har bir do‘stiga tavozu’ va hurmat bilan muomala qilishga odatlanmog‘i, o‘zaro suhbatlarda mehribon va muloyim bo‘lmog‘i lozim. Agar bolalardan biri unga nimadir bersa, garchi u buni o‘ziga nisbatan hurmat deb bilsa ham olishga odatlanmaslik zarur. Chunki, yuksaklik olishda emas, berishda! Olishda malomat va tubanlik bor. Tama’ qilish xorlik, bu xuddi itning qilig‘iga o‘xshaydi: it biron luqma ilinjida dumini likillatib doimo nimadir tama’ qiladi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:51:22
Bolalarning oltin va kumushni yaxshi ko‘rishi juda xunukdir. Aslida bu narsalardan ilon va chayonlardan ham ko‘proq hazar qilmoq kerak. Oltinu kumushni yaxshi ko‘rish, uni qo‘lga kiritishni istash nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun ham zaharning ziyonidan-da kuchliroq ofatdir.
Ko‘pchilik ichida tupurish, burun qoqish, esnash, birovga orqa o‘girib o‘tirish, oyoqni oyoqqa chalishtirish, kaftni iyakka tirash yaramas odatlardan hisoblanadi. Boshni yelkaga tashlab turish ham yalqovlik belgisi.
Bola suhbat qoidalaridan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Ko‘p gapirish tufayli kishi surbet bo‘lib qolishi, mahmadona degan nom olishini unga doimo eslatib turilsa va avvalo, eslatuvchining o‘zi bu gapiga amal qilsa, bola albatta bu nasihatni oladi.
Xoh rost, xoh yolg‘on bo‘lsin, bola yoshligidan qasam ichishga o‘rganib qolmasin. So‘zni avval boshlamasin, so‘ralgan narsagagina javob bersin. Modomiki, suhbatdoshi o‘zidan katta ekan, uni tinglasin. Chunki, suhbatdoshning gapini bo‘lishdan ko‘ra uni tinglash chiroyliroqdir.
Odobli bola yig‘inlarda kattalarga joy beradi, befoyda gaplardan tiyiladi, birovni so‘kmaydi, la’natlamaydi.
Bolani dag‘al, so‘kinib gapiradigan og‘zi shalaq kishilarga aralashib qolishdan saqlamoq lozim. Aslida, bolani yomon muhitga tushib qolishdan asrash tarbiyaning asosi hisoblanadi.
Agar bola muallimidan kaltak yesa, shovqin-suron ko‘tarmasin, kimdandir himoya kutmasin, balki sabr etsin. Buni bola albatta bilishn kerak. Buning uchun unga bosiqlik botir va er kishilarning odati, dod-voy solib, shovqin-suron ko‘tarish esa qullar va ayollarga xos odat ekanligi anglatiladi.
Bolaga darsdan so‘ng charchoqni yozish uchun chiroyli o‘yinlarga izn berish mumkin. Lekin tinkasi quriydigan darajada o‘yin bilan mashg‘ul bo‘lib qolishi durust emas. Shuningdek, bolani o‘yindan butkul mahrum qilib, doimiy ta’limga majburlash ham yaramaydi. Bunday takalluf yosh qalbni o‘ldiradi, zakovatni so‘ndiradi, hayotdan bezish tuyg‘usini paydo qiladi. Fursat bo‘ldi deguncha bola bu tang sharoitdan chiqib ketish uchun hiyla axtaradigan bo‘lib qoladi.
Otaga, muallimiga, xoh yaqin, xoh begona bo‘lsin, o‘zidan yoshi katta har bir tarbiyachiga itoat qilishni, ularga hurmat ko‘zi bilan qarashni, ularning oldida har qanday o‘yinni tark etishni bola bilishi lozim.
Bola yaxshi-yomonning farqiga borgani sayin tahorat va namoz tarkiga uzri yo‘qoladi. Ramazonda to‘liq bo‘lmasada, ba’zi kunlarida ro‘za tutishga buyuriladi. Ipak kiyimdan, tillo uzuk va tillodan yasalgan boshqa narsalarni ishlatishdan qaytariladi. Umuman, bu paytda bolaga shariat doirasida ehtiyoji tushadigan barcha narsalarni o‘rgatish zarur.
Bolalarni o‘g‘irlik, harom, xiyonat, yolg‘on, buzuqlik kabi illatlardan qo‘rqitib o‘stiriladi. Yoshi ulg‘aygani sayin bolada bunday ishlarning siriga yetish imkoni ko‘rina boshlaydi. O’shanda unga shunday eslatish mumkin: «Taomlar doridir. Ularni iste’mol qilishdan maqsad - barchamizni yaratgan Olloh taoloning toatiga quvvat olish. Dunyo asl vatan emas, chunki unda boqiylik yo‘q. O’lim dunyo ne’matini qirqadi. Dunyo o‘tkinchi bir qo‘nalg‘a, oxirat esa doimiy qarorgohdir. O’lim — istalgan soatda kelishi mumkin bo‘lgan, kutilgan narsa. Bu dunyoda oxirat uchun oziq g‘amlagan kishi haqiqiy oqil hisoblanadi.
Olloh taolo huzurida bunday kishining darajasi baland, jannatdagi nasibasi yanada bisyor»
.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:52:51
Miyasi to‘q bola yoshlik beboshliklarini anglay borgani sayin ayni voyaga yetayotgan paytda aytilgan bu so‘zlar unga foydali, shifobaxsh, xuddi toshga o‘yilgan naqshdek, qalbida chuqur iz qoldiradi. Agar aksi bo‘lsa, bola o‘yin-kulguga beriladi, buzuq, behayo ishlarga ulfat tutinadi, taomga ochko‘zlik, libos, ziynat, faxru maqtanchoqlik kabi illatlarga muhabbat qo‘yadi. Qalbi haqni qabul qilmaydigan bo‘lib qoladi.
Bola tarbiyasida e’tibor zarracha susaymasligi lozim, ayniqsa, ilk tarbiya davrida. Chunki, bola tabiatan yaxshilikni ham, yomonlikni ham qabul qilishga tayyor xilqatdir. Ota-onasi uni mana shu ikki tomondan biriga mayl etishiga sabab bo‘ladi.
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Har bir go‘dak (islom) fitratida tug‘iladi. Lekin ota-onasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qiladi» (Muttafaqun alayh).
Sahl ibn Tustariy shunday hikoya qiladi: «Uch yoshimda edim. Tunlari uyg‘onib ketib, tog‘am Muhammad ibn Sivorning namoz o‘qishini kuzatardim. Bir kuni tog‘am menga:
—   Seni yaratgan Zot — Olloh taoloni zikr qilmaysanmi? dedilar.
—   Qanday zikr qilaman? deb so‘radim.
—  Yotayotganingda tilingni qimirlatmasdan, qalbdan «Olloh men bilan birga, Olloh menga nazar soluvchi, Olloh meni ko‘rib turuvchi Zotdir» deb uch marta aytasan, dedilar.
Bu so‘zlarni kechalari aytayotganimni tog‘amga bildirdim. U kishi har kuni kechasi shu so‘zlarni yetti marta qaytarishimni aytdilar. Buni ham bajardim. Keyin tog‘am bu zikrni har kechasi o‘n bir marta takrorlashimni aytdilar. Takrorladim, qalbimda bu so‘zlarning halovatini tuydim. Bir yildan so‘ng tog‘am menga: «O’rgatganlarimni yodingda saqla, to qabrga kirguningcha bu so‘zlarni kanda qilma. Chunki, bu zikrlar senga dunyo va oxiratda foyda beradi» dedilar.
Ikki yildan so‘ng bu zikrlardan hosil bo‘lgan halovat qalbimga sig‘may, toshib chiqayotganini his qildim. Kunlarning birida tog‘am: «Ey Sahl, Olloh bilan birga, Ollohning nazari ostida, Olloh uni ko‘rib turgan qalb Ollohga itoatsizlik qilishi mumkinmi?! Ollohga osiy bo‘lishdan saqlan» dedilar.
Shundan so‘ng o‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qoldim. Keyin meni maktabga beradigan bo‘ldilar. Maktabga borsam, fikru yodim har xil narsalarga sochilib ketishidan qo‘rqishimni aytdim. Yaqinlarim muallim bilan kelishib, bir soat ta’limdan so‘ng uyga qaytishimga ruxsat olib berishdi. Olti-etti yoshlarimda Qur’onni o‘rganib, yod oldim. Doimiy ro‘za tutardim, yemishim arpa noni bo‘lib, o‘sha payt yoshim o‘n ikkida edi. O’n uch yoshimda bir masalaga javob topolmay qoldim. Savolimga javob topish uchun meni Basraga jo‘natishlarini so‘radim. Basraga bordim, olimlar bilan uchrashdim. Negadir javoblar meni qoniqtirmasdi. So‘ng Abadon shahridagi Abu Habib Hamza ibn Abu Abdulloh Abodoniy huzurlariga borib, savolimga javob topdim. Abu Habib huzurlarida bir muddat qolib, u zotning so‘zlaridan manfaat oldim, odobni o‘rgandim.
Keyin Tustarga qaytdim. Ozig‘imdan iqtisod qilib, bir dirhamga qolgan-qutgan arpalardan sotib oldim. Arpa unidan o‘zimga non yopib, har kuni saharda tuzsiz va zi-ravorsiz saharlik qilardim. Shunday qilib, o‘sha dirham menga bir yilga yetardi.
So‘ng paydar-pay uch kecha-kunduz och yurishga azm qildim. To‘rtinchi kuni iftor qilardim. Shu tarzda och yurish muddatini besh kun, yetti kun, oxirida yigirma besh kunga yetkazdim. Yigirma yil shunday umr kechirdim. Keyin safarga otlandim. Bir necha yillar yer yuzini sayohat qildim. So‘ng Tustarga qaytdim va u yerda tun bo‘yi Olloh taolo xohlaganicha bedor bo‘lib, ibodatga mashg‘ul bo‘ldim».
Ahmad ibn Hanbal aytadi: «Sahl Tustariyning to Olloh taologa yo‘liqquncha(ya’ni o‘limigacha) tuz totganini ko‘rmadik».
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 17:57:12
MURIDLIKNING SHARTLARI VA RIYOZAT YO’LIDA MURIDNING DARAJALARI

Bilgin! Kimki qalb ko‘zi bilan oxiratni aniq ko‘rsa, demak u oxirat ekinzoridan hosil olishni juda xohlayotgan, shu maqsad yo‘lida qattiq bel bog‘lagan, oxirat yo‘lida dunyo lazzatlarini arzimas biladigan, oxiratga mushtoq muriddir. («Murid» so‘zi lug‘atda «xohlovchi» ma’nosini ifodalaydi. Istilohda esa bu so‘zning ma’nosi ancha keng bo‘lib, shulardan biri — «butun xohish-irodasini shayxiga (ustoziga) to‘la topshirgan kishi» ma’nosidadir. Tarj.)
Murid oxirat yo‘lida dunyo lazzatlarini arzimas biladi, dedik. Tasavvur qil, bir kishining doimo ardoqlab yuradi-gan yakkayu yagona marjoni bor edi. Bir kuni u nafosatda tengsiz, nafis bir gavharni ko‘rib qoldi. Endi aytchi, u kishida oldingi marjoniga qiziqish qoladimi? Albatta u marjonni sotib, gavharni qo‘lga kiritish payida bo‘ladi, vaqt o‘tgani sayin uning bu istagi kuchayadi.
Kimki oxirat ekinzoriga murid emas, ya’ni oxirat ekin-zoridan hosil olishni xoxdamas ekan, kimki Olloh taolo-ning diydoriga tolib emas, ya’ni Olloh jamoliga yetish yo‘li-da harakat qilmas ekan, bu uning Olloh va oxirat kuniga iymoni yo‘qligi tufaylidir. Men bu o‘rinda «iymon» de-ganda quruq so‘zning o‘zini, sidq va ixlossiz kalimai shahodatni aytib, tilni qimirlatib qo‘yishni nazarda tutmayapman. Chunki, bu gavharning marjondan afzalligini tasdiqlab, aslida gavhar neligini bilmaydigan, faqat «gavhar» degan so‘z bilangina tanish, gavharning mohiyatidan esa bexabar kishining so‘ziga o‘xshaydi. Shahodat kalimasini tildagina tasdiqlayotgan bu kishining misoli, marjonga ko‘ngil bog‘lab, uni tark qilolmayotgani uchun gavharga ishtiyoqi susaygan odamni eslatadi.
Demak, suluk bo‘lmasa, murodga yetish yo‘q. Iroda-xohish bo‘lmasa, suluk yo‘q. Iymon bo‘lmasa, iroda-xohish yo‘q. Iymon yo‘qligining sababi — hidoyatga boshlovchi, Ollohni eslatib turuvchi murshid yo‘q. Ollohni tanigan, dunyoning, arzimasligi-yu inqirozi yaqinligidan, oxiratning ulug‘ligi-yu boqiyligidan ogoh etuvchi ulamo yo‘q.
Xalq g‘ofil, shahvatlarga g‘arq, uyquga cho‘mgan. Din olimlari ichida esa ularni uyg‘otuvchi yo‘q. Kimdir g‘aflatdan uyg‘ongan taqdirda ham tariqat sir-asroridan bexabar bo‘lgani uchun ojiz. Ulamoga murojaat qilay desa, ular ham dunyo muhabbatiga g‘arq. O’zi yo‘lda bo‘lmagan odam, yo‘lning dasturini qaerdan bilsin.
Nega bu yo‘lda yuruvchilar yo‘q, nega Ollohning yo‘li soliqlardan xoli?! Sababi, muridlarda iroda zaif, yo‘ldan bexabar, olimlar esa dunyo muhabbatiga berilgan...
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 18:03:07
Kimki oxirat ekinzorida ter to‘kmoqchi, oxirat tijoratini qilmoqchi ekan, buning o‘ziga xos shartlari bor. Oxirat yo‘lidagi yo‘lchi o‘zi va haq o‘rtasini to‘sgan pardani ko‘tarishi lozim. Chunki, xalqning haqdan mahrum bo‘lib qolishiga qavat-qavat pardalarning yig‘ilib, yo‘lni to‘sib qo‘yishi sabab bo‘ladi.
Olloh taolo aytadi: «Biz ularning oldilaridan va orqalaridan bir to‘siq-parda qilib, ularni o‘rab qo‘ydik. Bas, ular ko‘ra olmaslar» (Yosin, 9).
Murid va haq o‘rtasida to‘rtta to‘siq bor: mol, jon (mavqe-martaba), taqlid, ma’siyat.
Mol-dunyo to‘sig‘idan zarurat miqdoridagina molni olib qolib, qolganini to‘la sarflash bilan xalos bo‘linadi. Zaruratdan tashqari bitta dirham ham e’tiborni tortadi. Xayolni band qilgan o‘sha bitta dirham muridni ulug‘ va qudratli Zotdan to‘sadi, o‘rtaga parda bo‘ladi.
Obro‘-martaba pardasi mavqe-martabaga o‘zni urmaslik, bunday joylardan qalbni yiroq tutish bilan ko‘tariladi. Murid qanchalik tavozu’li, shuhratga befarq, og‘izga tushib qolishdan qochadigan, odamlarning o‘zi (murid)ga bo‘lgan ixlos-havasini sovutadigan amallarga qanchalik mashg‘ul bo‘lsa, Shunchalik tez obro‘-martaba to‘sig‘idan qutuladi.
Taqlid pardasidan xalos bo‘lish bitta qarashga mutassiblarcha yopishib olishni tark qilish bilan yuzaga chiqadi. Qachonki murid tilidagi «la ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh» kalimasini dilidagi iymoni bilan tasdiq etsa, tasdig‘ining rostligini qalbigacha kirib borgan dunyo muhabbati bilan emas, balki uning o‘rnini egallagan Olloh taolo muhabbati bilan isbot etsa, ana o‘sha paytda murid uchun taqlidiy emas, chin ma’nodagi e’tiqod eshigi ochiladi. Bu darajaga bahsu munozaralar bilan emas, tinimsiz harakat bilan erishiladi.
Agar murid mutassiblikdan qutula olmasa, ichi torayib, unda o‘zidan boshqasiga joy qolmasa, bunday bir yoqlamalik, shubha yo‘qki, haqdan to‘suvchi pardaga aylanadi. Murid bo‘lish muayyan bitta qarashga bog‘lanib qolish degani emas.
Ma’siyat ya’ni osiylik pardasi faqat tavba va zulmni tark etish bilan ko‘tariladi. Gunohni qayta qilmaslik yo‘lidagi qat’iyat, o‘tgan gunohlar uchun nadomat, mazlumga haqqini qaytarish, raqiblarini rozi qilish ham tavba tarkibiga kiradi.
Astoydil tavba qilmasdan va gunohlardan tiyilmasdan din asroridan voqif bo‘lmoqchi kishi, bamisoli, arab tilidan bexabar holda Qur’on va uning tafsiri sirlaridan voqif bo‘lmoqchi kishiga o‘xshaydi. Albatta bu ish arabcha lafzlarning tarjimasini bilish bilan ham nihoyalanmaydi. Balki bunda idrok nazari ma’nolarning asrorigacha yetib bormog‘i shart.
Shuningdek, murid ham shariatni mukammal o‘zlashtirganidan keyingina uning sirlari va kengliklariga ko‘tarila oladi.
Bu to‘rtta shart bajarilgach, kishi mol-dunyo va obro‘-martaba kishanidan ozod bo‘ladi. Shu holatda u nopokliklardan poklanib, tahorat olgan va namozga shay turgan kishiga o‘xshaydi. Endi unga iqtido qilinadigan imom kerak.
Xuddi shunday murid ham iqtido qilinadigan shayx, ustozga muhtoj. Din yo‘li sirli va bekik ko‘rinsa, shaytonning yo‘llari ko‘p va ochiq ko‘rinadi. Kimning hidoyatga bosh-laydigan shayxi bo‘lmasa, shayton uni chalg‘itishi aniq. Kimki yo‘lboshchisiz bu halokatli sahro yo‘llariga otlansa, jonini xavf-xatarga qo‘ygan, o‘zini halokatga sudragan bo‘ladi. Yo‘lboshchisi yo‘q, o‘zicha mustaqil kishi o‘zi o‘sib chiqqan daraxtga o‘xshaydi. U tez kunda quriydi. Agar biron muddat turib, varaq yozgan taqdirda ham meva bermaydi.
Shartlar bajarilganidan so‘ng murid shayxining etagidan mahkam ushlaydi. Xuddi ko‘zi ojiz kishi daryo yoqasida yetaklovchining qo‘lini mahkam ushlab, qo‘yib yubormagani kabi.
Xullas, murid shayxga butun ixtiyorini topshiradi, murshidiga na oshkora, na yashirin, bironta xilof ish qilmaydi. Shayxiga ergashishda bironta narsani chekkada ham qoldirmaydi. Chunki u shayxning xatosiga ergashib(agar shayx xato qilgan bo‘lsa, albatta. Tarj.), topgan foydasi — shayxga bog‘lanmasdan, o‘zi mustaqil holda to‘g‘ri topgandagi (agar to‘g‘ri topgan bo‘lsa, albatta. Tarj.) foydadan ko‘proqdir.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 18:04:14
Ochlik qalb qonini kamaytiradi va dilni oqartiradi. Bu oqlik nurdir. Nur yurakning yog‘ini eritadi. Bu erish ko‘ngilni yumshatadi. Ko‘ngilning yumshoqligi yaxshiliklarni ochuvchi kalit, qattiqligi esa haqdan to‘suvchi to‘siq. Qalbning qoni qanchalik kam bo‘lsa, dushmanning yo‘li shunchalik torayadi.. Dushmanning yo‘li shahvatlarga to‘la tomirlar bo‘ylab o‘tadi. Iyso alayhissalom aytgan edi: «Ey xavoriyyunlar jamosi! Qorinlaringizni och tuting. Shoyad, qalblaringiz Parvardigoringizni ko‘rsa!»
Sahl ibn Abdulloh Tustariy deydi: «Abdollar to‘rt xislat tufayli abdollik darajasiga yetdilar: qorinning bo‘shligi; bedorlik; jimlik; odamlardan uzlat qilish».
Qalbni nurlantirishda ochlikning foydasi tajribada sinalgan ishdir.
Bedorlik qalbni ravshan, munavvar qiladi va ochlik tufayli hosil bo‘lgan soflikni yana musaffolashtiradi. Qalb bamisoli yorqin yulduzga, yaraqlagan oynaga aylanadi va unda Haq jamoli jilolanadi. Endi bu qalb egasi uchun dunyodan yuz o‘girib, oxiratta yuzlanish masalasi uzil-kesil hal bo‘ladi.
Bedorlik aslida ochlikning natijasi. Chunki, to‘q odam bedor bo‘lishi qiyin. Uyqu qalbni qotiradi va o‘ldiradi. Albatta, zarurat miqdoridagi uyqu bundan mustasno. Shuningdek, bedorlik g‘ayb sirlarining ochilishiga sabab bo‘luvchi Holatdir. Abdollarning sifati haqida aytiladi: «Ular ehtiyoj bo‘lganda yeydilar. Uyqu g‘olib kelsa, uxlaydilar. Zarurat bo‘lsa, gapiradilar».
Ibrohim Xovas rahimahulloh deydi: «Yetmishta siddiq shunday ra’yga ittifoq qilishgan: «Uyquning ko‘pligi suv-(suyuqlik)ni ko‘p ichish tufaylidir».
Sukut aqlni peshlaydi, Ollohdan qo‘rqinchni hosil qiladi, taqvoni o‘rgatadi. Jim yurish, ya’ni muridning uzoq vaqt sukut saqlashi uzlatda oson kechadi. Uzlatdagi odam taomini, suvini va boshqa ishlarini hozirlayotgan kishiga zarurat miqdorida gapirishi mumkin. Ko‘p gap qalbni band qiladi. Qalblar gapga och, sira to‘ymaydi, gapdan orom oladi. Zikr va fikr bilan yolg‘iz qolish ularga og‘ir.
Uzlatda foydalar ko‘p. O’zni xilvatga olgan kishi dunyo mashg‘ulotlaridan uziladi. Ko‘rish va eshitishdan tiyiladi. Bu ikki sezgi qalbning dahlizidir. Dunyo shu dahliz orqali ichkariga kiradi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 18:06:36
Qalb — hovuz. Unga his-tuyg‘u ariqlaridan iflos, nopok suvlar quyiladi. Riyozat, ya’ni tarbiyadan maqsad hovuzni o‘sha iflos suvlardan, yig‘ilib qolgan loyqa-quyqalardan poklash, hovuzni asl holiga qaytarish. Qachonki, tip-tiniq, musaffo suvlar to‘lib-toshib tursagina, hovuz asl holiga qaytgan bo‘ladi.
Endi aytchi, har tomondan har xil sassiq bo‘tana suvlar bu hovuzga ochib ko‘yilgan, qanchalik olib tashlama, har soniya olganingdan ham ko‘proq su o‘sha quyulayotgan bir paytda hovuzni qanday poklash mumkin?!
Murid ortiqcha hissiyotlarni chegaralashi lozim. Bu esa qorong‘i uyda xilvat qilish bilan amalga oshadi. Agar qorong‘i joy topilmasa, kiyimiga o‘ralib olsin. Mana shu holatda u Haqni tinglay olishi, Rabbining yaqinligini aniq his qilishi mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga g‘aybdan nido yetganida ham ayni holatda emasmidi: «Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot..!» (Muzzammil, 1).
Bu to‘rtta holat — ochlik, bedorlik, sukut va uzlat muridning «yo‘lto‘sar»lardan va yo‘ldagi boshqa xavflardan himoyalanadigan qalqoni va qo‘rg‘onidir.
Himoyaning bu vositalari qo‘lga kiritilgach, oxirat yo‘lidagi yo‘lchi yo‘lning keyingi qoidalarini o‘zlashtirmog‘i lozim. Bu qoidalar oxiratdagi to‘siqlardan o‘tishda joriy bo‘ladi.
Oxirat yo‘lidagi asosiy to‘siq dunyoga chalg‘igan qalbning o‘zgarishlaridir. Bu to‘siklar biri-biridan xatarli. Ulardan o‘tish tartibi yengilidan yengilrog‘iga qarab borish bilan amalga oshadi.
«Qalb o‘zgarishlari» deyilganida, boylikka, obro‘-martabaga, dunyoga mehrli bo‘lish, Yaratuvchidan uzilib, faqat yaratilgan narsalarga bog‘lanib qolishlar va ularning qoldir-gan izlari nazarda tutilyapti.
Xullas, jismimizni gunohning oshkora sabablaridan qanchalik uzoq tutsak, botinimizni gunohlar qoldirgan izdan shunchalik poklamog‘imiz kerak. Bu jabhada kurash uzoqroq davom etadi va ahvol o‘zgarishi bilan kurash tarzi ham o‘zgarib turadi.
Nafsga qarshi kurash natijasida qalbda dunyoga bog‘liq rishtalar qolmaydi. Ana shundan so‘nggina shayx muridni davomli ravishda qalb zikri bilan mashg‘ul bo‘lishga undaydi, zohir virdlarni ko‘paytirishdan qaytaradi. Balki, majburiy va belgilangan virdlar bilan chegaralaniladi. Bora-bora o‘sha virdlar muridning yagona virdiga aylanadi. Bu — virdlarning eng sarasi va samarasi bo‘lib, qalb shu holatda Olloh zikriga mahkam bog‘lanib qoladi. Qalbdan Olloh yodidan o‘zgasi ko‘tarilganidan so‘nggina bu daraja hosil bo‘ladi. Toki muridning qalbida zarracha dunyoga e’tibor bor ekan, shayx uni bu zikr bilan mashg‘ul qilmaydi.
Shibliy har jum’a vazifa olib ketadigan muridiga degan edi: «Agar bu jum’adan u jum’agacha qalbingda Olloh yodidan o‘zgasi paydo bo‘lsa, huzurimga kelishing haromdir».
Bu darajadagi tajarrud, (ya’ni tom ma’noda dunyo xohishlaridan uzilish. Tarj.) uchun Olloh muhabbati qalbni to‘la egallashi va sidqi iroda lozim bo‘ladi. Tajarrud ma-qomini topgan murid yordan o‘zga g‘ami yo‘q oshiqqa o‘xshab qoladi. Bunday sharoitda shayx muridini uyning bir burchagida yolg‘iz qoldirib, uning yeyayotgan taomiga e’tiborini qaratadi. Chunki, halol taom diniy tarbiyaning asosi hisoblanadi.
So‘ng shayx muridiga zikr darsini boshlaydi. Avvalo, murid tili va qalbi zikrga mashg‘ul bo‘lishi uchun ba’zi kalimalarni qaytaradi. Masalan, «Olloh, Olloh» yoki «Subhanalloh, subhanalloh...» deydi. Yoki shayxi buyurgan boshqa kalimalarni aytadi. Bu zikr to til harakati to‘xtab, go‘yo kalimalar tilga o‘zi oqib kelayotgandek bo‘lguncha davom ettiriladi. So‘ng kalimalarning tilda qolgan ta’siri butkul yo‘qolguncha, lafzlar surati qalbda o‘rnashguncha zikr davom etadi. Keyin zikr davomida lafzlarning harflari va suratlari qalbdan g‘oyib bo‘ladi. So‘ngra qalbda faqat ma’no qoladi. Qalb bu haqiqatdan boshqa barcha narsadan forig‘ bo‘ladi.
Ayni paytda shayx muridni kuzatishdan tolmaydi. Chalg‘ituvchi vasvasalar, dunyoga bog‘liq har xil o‘y-fikrlar oqimini daqiq nazari bilan nazorat qilib turadi. Chunki, qanchalik zikrga mashg‘ul bo‘lmasin, agar qalb bir lahza zikrdan chalg‘isa, ish nuqsonli bo‘lib qoladi. Shuning uchun vasvasalar daf qilinishi lozim.
Barcha vasvasalar daf qilinib, nafs o‘ziga kelsa, aytilayotgan kalimaga qaytsa, endi, mana shu kalimaning o‘zi yana bir vasvasani qo‘zg‘aydi: «Bu aytilayotgan so‘z nima o‘zi? «Olloh» degan so‘zimizning ma’nosi nima? Bu so‘zning qaysi ma’nosi u zotning iloh, ma’budligiga dalolat qiladi?»
Bunday o‘y-xayollarga yon berilgani sayin muridda fikr eshigi ochiladi va asta-sekin bu eshikdan shaytonning kufr va bid’atdan iborat vasvasalari o‘rmalab kiradi. Bunday vasvasalar muridga qanchalik yoqimsiz va bu vasvasalarni qalbdan sidirib tashlashga u qanchalik bel bog‘lasa, shunchalik zararning oldi olinadi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 18:08:32
Vasvasa ikki xil bo‘ladi. Biri shuki, murid xayoliga kelayotgan narsalar vasvasa, Olloh taolo bunday o‘y-fikrlar kiridan pok Zot ekanini, balki shayton ularni qalbiga solib, chalg‘itayotganini aniq biladi. Bundan qutulishning yo‘li — ularga e’tibor bermaslik, Olloh taoloning zikriga sho‘ng‘ib, vasvasani daf qilishni O’zidan so‘rash, faqat O’ziga yolvorish:
«Agar Sizni shayton tomonidan bo‘lgan vasvasa yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, Ollohdan panoh so‘rang! Albatta U eshitguvchi, bilguvchidir. Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vavasa ushlasa, (Ollohni) eslaydilarda, bas, (To‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof, 200-201).
Ikkinchisi, murid xayoliga kelgan narsaning vasvasa ekanligida shubhalanadi. Darhol buni shayxiga arz etmog‘i kerak. Umuman, murid qalbida qanday holat, tabiiy kechinma yo bir g‘ayrat sezsa, yoxud dunyoga bog‘liq bir mayl paydo bo‘lsa, bularning barchasini shayxiga bildirishi lozim. Ammo buni shayxidan boshqa birorta kishiga aytmasligi, o‘zgadan sir tutishi shart.
Shunda shayx muridining holiga nazar soladi. Unda zakiyligu ziyraklik, fahmu idrok o‘tkirligi qay darajada ekanini mulohaza bilan kuzatadi. Agar muridda fikrlash orqali haqiqatni anglash iqtidori sezilsa, shayx uni fikrlashga undaydi. Toki bu fikrlardan qalbida nur hosil bo‘lib, muridga haqiqatni ochsin. Agar bunday fikrlar muridni quvvatlantira olmasligini bilsa, shayx uni qurbi yetadigan, fahmi ko‘taradigan va’z va zikrlar bilan qat’iy e’tiqodga qaytaradi.
Shayx muridiga o‘ta mehr bilan muomalada bo‘lmog‘i lozim. Chunki bu yo‘l xavfu xatarlarga boy. Qancha muridlar bor, nafs tarbiyasi bilan mashg‘ul, lekin ochila olmaydi, yo‘llari kesiladi, sustlashadilar. Ibodat yo‘lini tutadilar, ya’ni «unisi ham, bunisi ham bo‘laveradi» degan qarashga o‘tadilar. Aslida bu ulkan halokatdir. Kishi Ollohning zik-riga berilib, qalbini dunyo mashg‘ulotlaridan uzsayu, ammo yuqorida tilga olinganidek, chalg‘ituvchi fikrlardan xoli bo‘lolmasa, u xavfu xatar kemasiga minib olgan odamni es-latadi. Agar salomat qolsa, din mulkida martabasi oshadi. Adashsa, halokatga yuz tutadi.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 18:09:59
«Yoshi ulug‘larning dinini mahkam ushlanglar» deb bejizga aytilmagan. Yoshi ulug‘larning dini  — iymonning aslini yoxud taqlid va xayr amallar qilish bilan e’tiqodning zo-hirini olishdir. Bundan chekinishda xatar ko‘p.
Shunday ekan, shayx muridni biron fursat nazardan qochirmasligi kerak. Agar muridda zakovat va ziyraklik kamolga yetmagan, zohir e’tiqodi hali mustahkam bo‘lmasa, u zikr va fikrga mashg‘ul qilinmaydi. Balki unga zohir amallar, mutavotir virdlar yoki tafakkurli kishilarning xizmatini qilish buyuriladi. Toki ularning barakotidan na-sibador bo‘lsin. Bamisoli, jang maydonida kurashishdan ojiz bo‘lgan kishiga chanqaganlarga suv tashib turish, ot-ulovlarga qarash topshirilganidek. Shunda u Qiyomat kunida jang qilganlar qatorida tiriladi, ularning barakotidan nasibador bo‘ladi, garchi ularning darajasiga yetolmasa ham.
Ba’zida zikr va fikrga berilgan muridning yo‘lini man-manlik va riyo kabi yo‘l to‘sarlar, kashfi holatdan, ilk karomatdan shodlanish kabi qaroqchilar to‘sadi. Murid bu narsa-larga qanchalik ko‘p e’tibor bersa, shunchalik ular bilan mashg‘ul bo‘lib qoladi. Alaloqibat, harakat sustlashadi, hatto to‘xtab qolishgacha borishi mumkin.
Demak, murid butun umri davomida shu darajada haqqa chanqoq bo‘lishi kerakki, agar ustidan dengizlar quyilsa ham uni qondira olmasin. Muridning sarmoyasi xalqdan uzilib, Haq tomon yuz burishdir.
Dunyo kezuvchi sayyohlardan bir aytadi: «Xalqdan uzilgan abdollardan biriga: Qanday yo‘l bilan Haqqa yetiladi? deb so‘radim. «Bu dunyodan bir yo‘lovchidek o‘tish bilan» dedi u».
Murra bir muttaqiy zotga:
—  Qalbimni doimo Olloh bilan bog‘laydigan bir amalni menga ko‘rsating, dedi.
—  Xalqqa nazar solma. Chunki, ularga nazar solish zulmdir.
—  Buning iloji yo‘q-ku? dedim.
—  Ularning so‘zlarini tinglama. Chunki, u so‘zlar dilni qotiradi.
—  Buning iloji yo‘q-ku? dedim.
—  Xalq bilan muomala qilma, chunki bu vahshiylikdir.
—  Men xalq ichidaman. Qanday qilib ular bilan muomala qilmasligim mumkin ?
—  Ularga suyanish halokatdir.
_ Koshki, buning chorasi bo‘lsa, dedim.
Shunda u:
— Ey sen, g‘ofillarga nazar solib, johillarning so‘zini tinglaydigan kas! Botil ishga sho‘ng‘iganlar bilan muomala qilasanu, yana qalbingni Olloh taolo bilan bog‘lamoqchimi-san? Bu hech qachon amalga oshmaydigan ishdir, dedi.
Demak, riyozatning so‘nggi nuqtasi — qalbning Olloh taolo bilan doimiy bog‘lanishi. Bu darajaga esa Ollohdan boshqa barcha narsadan uzlat qilish bilan erishiladi. Bunday uzlat uchun uzoq jiddu jahd lozim.
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: Hadija 09 Sentyabr 2009, 18:10:51
Qachonki, muridning qalbi Olloh bilan doimiy birga bo‘lish maqomiga yetsa, o‘sha mahaldan e’tiboran unga hamisha hoziru nozir Parvardigorining ulug‘lik pardasi ochiladi. Haq jilolanadi, so‘zlar ta’rifiga ojiz latifliklar namoyon bo‘ladi.
Agar muridda mazkur holatlardan biri sodir bo‘lsa, qilishi lozim bo‘lgan keyingi ish o‘z holini oshkor qilmaslikdir. Chunki, xoh va’z-nasihat, xoh eslatma tarzida bo‘lsin, muridning odamlarni ogoh qilishga o‘zini mutasaddi bilib, yolg‘iz Ollohga ayon sirlarini gapirishi nafsida lazzat uyg‘otadi. Lekin bu lazzat tez tugaydigan, uzilib qoladigan lazzatdir. Shu lazzat muridni o‘zida kechgan holatlar kayfiyati xususida fikr yuritishga, bu holatlarni chiroyli so‘zlar bilan ta’bir qilishga undaydi. Aytayotgan so‘zlariga eshi-tuvchilarning qalbi moyil bo‘lishi uchun murid gapini hikoyatlar bilan, Qur’on va xabarlardagi dalillar bilan ziynatlaydi. Shayton: «Qara, Ollohdan g‘ofil qalbni qanday uyg‘otyapsan-a! Sen bandalarni Yaratuvchisiga bog‘laydigan mustahkam rishta, balki Olloh taolo va xalq o‘rtasida vositasan. Bu ishda sen o‘z lazzatingni emas, umum manfaatini ko‘zlayapsan!» deb uni chalg‘itadi. Agar yaqinlari orasida o‘zidan ko‘ra so‘zga chechanroq, avomning qalbini tezda o‘ziga tortadigan kishini ko‘rsa, ichini hasad tirnaydi, shaytonning Makriga ilinadi. Agar u o‘sha payt shaytonning sharridan omon bo‘lganida edi, suyunib derdi: «Bandalarini isloh qilishda menga shunday yaxshi ko‘makchini nasib etgan Ollohga hamd bo‘lsin!..»
Nom: Re: RIYOZATUN - NAFS
Yuborildi: AbdulAziz 10 Sentyabr 2009, 05:58:26
MUNDARIJA

Qalb tibbining tabibi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188501#msg188501)
Axloq tarbiyasi va qalb xastaliklarining muolajasi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188502#msg188502)
Go‘zal xulq fazilati va yomon xulq mazammati (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188504#msg188504)
Yaxshi va yomon xulq mohiyati (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188509#msg188509)
Riyozat bilan axloq o‘zgaradimi? (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188514#msg188514)
Go‘zal xulqqa qanday erishiladi? (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188521#msg188521)
Axloqiy tarbiya yo‘llari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188527#msg188527)
Qalb xastaligining belgilari va uning muolajasi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188575#msg188575)
Nafs ayblarini qanday bilish mumkin? (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188694#msg188694)
Qalb xastaligining manbai shahvatlarga ergashish va uning muolaja yo‘li shahvatlarni tark etish ekaniga shariat va ahli basirat dalillari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188699#msg188699)
Go‘zal xulq belgilari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188710#msg188710)
Bola tarbiyasi, odob va go‘zal xulq darsi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188713#msg188713)
Muridlikning shartlari va riyozat yo‘lida muridning darajalari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.msg188717#msg188717)
Nom: Re: IHYOU ULUMID-DIN (Riyozatun-nafs). Abu Homid G’azzoliy
Yuborildi: AbdulAziz 10 Sentyabr 2009, 06:04:54
Ihyou ulumid-din. Riyozatun nafs

(http://ziyouz.com/images/books/riyozat.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=427)

Muallif: Abu Homid G'azzoliy
Hajmi: 493 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=427)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3928.0)