forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Umumiy => Mavzu boshlandi: ЖАМШИДЖОН 15 Sentyabr 2009, 16:02:05

Nom: FITNAGA BOSHLOVCHI SHAYTON
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 15 Sentyabr 2009, 16:02:05
Abdulloh ibn Mas'ud - Olloh undan rozi bo'lsin - hikoya qiladi:

- Bir kun Rasululloh bir chiziq chizdilar va "Bu, Ollohning yo'li" dedilar. So'ng, bu chiziqning o'ngiga va so'liga yana bittadan chiziq chizdilar va "Bular ham yo'llar. Bu yo'llarning ikki chetida yo'lovchilarni chaqirib o'tiruvchi shaytonlar bor" deb buyurdilar, undan keyin esa, shu oyatni o'qidilar:

- Albatta, mana shu Mening To'g'ri Yo'limdir. Bas, shu yo'lga ergashinglar! (Boshqa) yo'lga ergashmangizki, ular sizlarni Uning yo'lidan uzib qo'yar. Shoyad taqvo qilsangiz, deb (U, ya'ni Olloh) sizlarni mana shu narsalarga buyurdi.

Birinchi kitobdagi ba'zi bahslarda shaytonning hiylalaridan ba'zilarini zikr etib, olimlarni va obidlarni aldash yo'llarini ko'rsatgan edik. Endi bu yerda bir misol keltiraylik.

Rivoyat qilinishicha, Payg'ambarimiz (S.A.V.) shu hikoyani aytgan ekanlar:

- Qadim zamonda bir rohib bor edi. Shayton uni yo'ldan ozdirishga qasd qildi. Shu orada bir kishining joriyasi xastalangan edi. Shayton: "Bu kasalni falon rohib tuzatadi", deb joriyaning oilasiga vasvasa soldi. Joriyani davolatish uchun rohibnikiga bordilar. Lekin u qabul qilmadi. Ular takror-takror uning uyiga bosh urib boraverdilar. Axiri, rohib uni qabul qilishga majbur bo'ldi va davolay boshladi. Bir mahal shayton uning ko'ngliga vasvasa soldi. Joriya bilan aloqa qilish fikrini uyg'otdi. Nihoyat bunga muvaffaq ham bo'ldi: joriya bilan aloqa qildi. Joriya homilador bo'ldi. Endi shayton rohibni shunday vasvasada qoldirdi:

- Sen buni o'ldirishing kerak. Agar o'ldirmasang, ertaga ovoza tarqaladi, el aro yuzi qaro bo'lasan. Yaxshisi, hozir uni o'ldir, keyin esa oilasiga "O'ldi!", deysan. Shu tariqa o'zingni qutqarib qolasan.

Rohib shunday qildi.

Shayton esa endi joriyaning oilasini: "Rohib, qizingiz bilan aloqa qildi. Keyin o'ldirib ko'mdi!" deb vasvasaga soldi. Ular keldilar. Haqiqatni aniqlagach, rohibni o'ldirish niyatida unga hujum qildilar. Shunda shayton rohibga yuzma-yuz kelib, shunday dedi:

- Bu ishlarning hammasini senga vasvasa berib, men qildim. Xohlasang, seni qutqarib qolishim mumkin. Lekin oldin menga ikki marta sajda qilasan.

Rohib sajda qildi. So'ngra shayton unga qarab shunday dedi:

- Men sendan yiroqman. Men seni tanimayman. Sen bilan hech qanday aloqam yo'q.

Mana, Olloh o'z oyatida shu haqiqatni ya'ni shayton oldin vasvasaga solib, keyin qochib qolishini ko'rsatgandir:

- (Munofiqlar) xuddi shaytonning o'xshashidirlar. Eslang, u insonga "kofir bo'l" - degandi. Endi qachonki (inson) kofir bo'lgach, shayton unga: "Albatta men sendan bezorman. Zero men barcha olamlar Parvardigori bo'lmish Ollohdan qo'rqurman", dedi.

Iblis (shaytonning boshlig'i) Imom Shofe'iydan so'radi:

- Meni xohlaganiday yaratib, xohlaganiday foydalangan zot haqida nima deb o'ylaysan? Endi meni istasa jannatga qo'yar, istasa do'zaxga. Bu adolatmi yoki zulmmi?

Imom Shofe'iy o'ylab turdi, turdi-da, dedi:

- Hey, men seni bilmayman, sen qanday odamsan! Ammo bilib qo'y: agar sen xohlaganing uchun seni yaratgan bo'lsalar senga zulm qilganlar. Agar O'zi xohlagani uchun yaratgan bo'lsa, qilgan ishlari uchun javob so'ralmasligi kerak. Yaratilganlar esa, qilgan ishlari uchun so'roq qilinadi.

Bu javobdan shaytonning ovozi o'chdi. Keyin dedi:

- Ey Shofe'iy, men bu muammoni vasvasa qilish orqali yetmish ming obidni obidlik maqomidan zindiqlik (dinsizlik) darajasiga tushirdim.

Bir daf'a Iblis, Iso alayhissalom qarshisiga chiqdi. "Lo iloha illolloh, de!" dedi. Iso alayhissalom: "Bu, haq so'zdir, lekin men sen aytib turganingda aytmayman!" dedi.

Chunki shayton haq bilan botilni aralashtirmoq uchun ba'zan haqgo'y suratida ko'rinadi. Shu tariqa obidlarni, zohidlarni, boylarni va xalq tabaqasining har turli insonlarini halok etadi, uning fitnasidan yolg'iz Olloh asraydigan kishilargina omon qoladi.

Ollohim, sen bizni shaytonning hiylalaridan asra. Toki Sening huzu- ringga to'g'ri yo'lda bo'lgan kishilar bo'lib boraylik
Nom: Re: FITNAGA BOSHLOVCHI SHAYTON
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 15 Sentyabr 2009, 16:03:18
Mansur ibn Ammor aytadilar: "Kim o‘zining aybini bilsa, boshqa kishining aybi bilan ishi bo‘lmay qoladi. Kim taqvo libosidan yalang‘och bo‘lsa, unga hech kim parda tutolmaydi. Kim Allohning bergan rizqiga rozi bo‘lsa, boshqalarning qo‘lidagi narsaga xafa bo‘lmaydi. Kim zulm qilichini sug‘ursa, shu qilichi bilan qo‘li kesiladi. Kim birodariga choh qazisa, unga o‘zi tushadi. Kim birovning parda - xijobini oyoqosti qilsa, o‘zining avrati ochiladi. Kim o‘z xatosini unutsa, boshqaning xatosini katta biladi. Kim katta ishlarga kirishsa va o‘ziga xatarli yo‘l topsa, halok bo‘ladi. Kim aqli bilan cheklansa, adashadi. Kim odamlarga kibr qilsa, xor bo‘ladi. Kim amalga berilsa, qiyinchilikka duchor bo‘ladi. Kim odamlar ustidan faxrlansa, sinadi. Kim ahmoqlik qilsa, haqoratlanadi. Kim razillar bilan suhbatdosh bo‘lsa, tubanlashadi. Kim ulamolar bilan o‘tirsa, viqorli bo‘ladi. Kim yomonlik ko‘chasiga kirsa, tuhmatga yo‘liqadi. Kim dinda dangasalik qilsa, o‘tirib qoladi. Kim odamlarning mollarini o‘lja olsa, faqirga aylanadi. Kim ofiyatga intizor bo‘lsa, sabr qiladi. Kim qadamini to‘g‘ri bosishdan adashsa, pushaymon bo‘ladi. Kim Allohdan qo‘rqsa, muvaffaqiyatga erishadi. Kimningki, ishlarida tajriba bo‘lmasa, aldanadi. Kim jannatni bilsa, orzu-istaklari kamayadi. Kim ilmsizlik yo‘liga ko‘niksa, adolat yo‘lini tark qiladi".
Nom: Re: FITNAGA BOSHLOVCHI SHAYTON
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 16 Sentyabr 2009, 10:07:29
Xalqimizda «qaytar dune» degan gap bor. Har bir harakat shu dunyoda o‘z oqibatini berishini ko‘pchilik kutadi. Kelgan ko‘rgiliklarga, ilgari qilgan gunohlari sababchi ekanligini, yoki falonchiga qilgan yomonligi qaytayotganligini har qanday inson xayolidan o‘tkazadi. Shuni unutmaslik kerakki, o‘sha biz nisbat beradigan yaxshilik va yomonlik ham solihga ham fosiqqa birdek berilaveradi. Iymon darajasi ko‘tarilgani sayin sinov og‘irlashganidek, kufrga ketgan insonning hayoti yengil ko‘rinadi. Hayotini xarom-xarish o‘tkazib, hurmat-izzatda vafot etib ketgan insonni yaxshi oqibat topdi, deya olmaymiz, chunki, hali oqibat payti kelgani yo‘q. Shu kabi, iymoni butligidan kambag‘allikda xor-zor bo‘lib o‘tib ketgan insonning oqibati ham qiyomatda ma’lum qilinadi. Bundan kelib chiqadiki, har narsaga bu dunyoda jazo yoki mukofot kutish noo‘rin. Ketma-ket kelayotgan balolar qanday qarshi olinishiga bog‘lik. Kambag‘allikni yoki kasallikni qilingan gunohlar uchun kafforat yoki iymonning ziyodalashuviga bir imkoniyat sifatida qarshi olgan inson sabr qiladi va shu sabri evaziga ushbu «yomonlik» u uchun yaxshilikka aylanadi. Biz yaxshilik deb hisoblaydigan boylikning kelishi bir saxiy uchun yaxshilik bo‘lsa, zino qilishga yoki aroq ichishga pul topa olmay turgan fosiq uchun yomonlikdir.
Nom: Re: FITNAGA BOSHLOVCHI SHAYTON
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 16 Sentyabr 2009, 10:29:55
Toshkentlik bir go‘rkov aytib bergan voqea ushbu maqolani yuqori nuqtada yakunlab olishimga yordam beradi: «Bir kuni do‘stimni qabristonga olib kirdim. Bittagina qabr kavlab, keyin uning ishi bilan bir joyga o‘tib kelishimiz kerak edi. Go‘rkovlarda bitta odat bor, buyurtma bo‘lmasidan avval shoshib qolmaslik uchun go‘r qazib qo‘yiladi. Ana shunday «noma’lum odam»ga qabr qaziyotgan edim, do‘stim uch-to‘rt martalab, bu yerga kim kelar ekan, kimga kavlayapsan, oldindan biror narsa ayon bo‘ladimi, degan bemaza savollarni beraverdi. Oxiri sabrim chidamay: «Senga kavlayapman, seni ertaga olib kelishadi shu ayon bo‘ldi!» deb yubordim. Qaerdanam gapirdim shu so‘zlarni. O’sha kuni kechqurun do‘stim avtohalokatga uchrab, halok bo‘libdi, ertasiga peshin namozi o‘qilayotgan paytda tobuti ko‘tarib kelindi. Joy esa uni kutardi...»

Har doim xushniyatli, ofiyatli va farosatli bo‘laylik. Mukarram yaratilgan zot ekanligimizni unutmaylik. Lafzimizning oqibatlari haqida o‘ylanaylik. Qattiq o‘ylanaylik!

Mahmud ASROR
Nom: Re: FITNAGA BOSHLOVCHI SHAYTON
Yuborildi: ЖАМШИДЖОН 03 Oktyabr 2009, 13:45:02
Bir kun Shaytoni lain Ollohga:

— Yo, Rab! Odam tufayli meni jannatdan quvding. Faqat bilib qo‘y: Sen meni qanday bezor qilgan bo‘lsang, men ham uni shunday bezor qila olaman, — dedi.

Shunda Olloh buyurdi:

— Sen odamlarni bezor qiluvchisan! (Payg‘ambarlarni shayton bezor qilolmaydi).

Shayton so‘radi:

— Yana nima? 

Tangri dedi:

— Undan (Odamdan) tug‘ilgan bola qancha bo‘lsa, sening ham shuncha bolang bo‘ladi!

— Yana nima?

Olloh aytdi:

— Qalblariga vasvasa solishing mumkin!

— Yana nima?

— Barcha yordamchilaring bilan ularni (odamlarni) yo‘ldan ozdirib, harom daromad va harom xarj qilishlari, buzuq va xurofiy narsalarga mayl etishlari, yomon amallari bilan ovora bo‘lishlari va orzu-havaslar ketida o‘ralashishlari, tavbani tark etishlari uchun vasvasaga sola olasan!

Shundan so‘ng Odam kelib Ollohga murojaat qildi:

— Ey, Rabbim, Iblisni bolalarimning boshiga balo qilding, men uning vasvasalaridan o‘zimni faqat Sening yordaming bilan himoya qila olaman.

Olloh buyurdi:

— Har tug‘ilgan bolangga bir himoyachi farishtani vakil qilib qo‘yaman.

Odam so‘radi:

— Yana nima?

— Bir savobga o‘n savob beraman!

— Yana nima?

— Jonlari tanlarida ekanligida tavbalarini qabul qilaman!

— Yana-chi?

Olloh:

— Ularni afv etaman! — deb aytgach, Odam:

— Yetadi, yo Rab! — dedi.   

Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Iblis takroran Tangriga nadomat bilan:

— Yo, Rab, Odamlar uchun payg‘ambarlar yubording, kitoblar tushirding. Qani mening payg‘ambarim? — dedi.

Olloh buyurdi:

— Kohinlar, folbinlar — sening payg‘ambarlaring.

Iblis so‘radi:

— Kitoblarim nima bo‘ladi?

— Igna bilan badanga solingan rasmlar senga kitoblar o‘rnida o‘taveradi.

— Hadisim nima?

— Yolg‘on!

— Masjidim qaer?

— Tungi ko‘chalar.

—Uyim-chi?

—Hammomlar.

— Yeydiganim nima?

— Harom yo‘l bilan yo ishlamay topilgan taomlar.

— Ichadiganim nima?

— Aql-irodani yo‘q qiluvchi ichimlik va karaxt qiluvchi moddalar.

— Tuzoqlarim nima? — dedi nihoyat Shaytoni lain.

— Buzuq xotinlar! — deb javob qildi Yaratgan Olloh.

   

 Bu rivoyatni o‘qib, xayolingizga qanday o‘ylar keldi? Yegan-ichganingiz halolmi? Rost so‘zlayapsizmi?  Yomonliklardan yiroqda bo‘lishga harakat qilyapsizmi? Yuqoridagi rivoyat orqali sizni shaytoniy amallardan ogoh etishni niyat qildik. Zero, hikoyatdan xulosa chiqarish mushkul emas, nazarimizda. Shaytonning ming bir makri borligi sir emas. Ammo Yaratgan Egamning karami va mehribonchiligi barchasidan ulug‘ va buyukdir. Uning mehrini tilagan holda O‘zigagina ibodat qilaylik. Gunohlarimiz afv etilishini umid qilib, tavba qilaylik. Alloh har birimizni Shaytonning vasvasalaridan asrasin.  :amn: :amn: :amn: