forum.ziyouz.com

Kutubxona => Boshqa kitoblar => Tarixiy adabiyotlar => Mavzu boshlandi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:38:20

Nom: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:38:20
Igor Bunich

  PARTIYANING OLTINLARI

TOSHKENT «MA’NAVIYAT» 2005

Qo‘lingizdagi kitob yaqin o‘tmishdan, aytish mumkinki, tarixning eng kir, qora kunlari bo‘lmish keyingi sho‘ro zamonlaridan hikoya qiladi. Unda biyron tillarida xalq g‘amini yegan, uning manfaatlari himoyachisi bo‘lgan, amalda esa ayni xalq-ning so‘nggi burda nonigacha surbetlarcha tortib olib o‘zlashtirgan kommunistik firqa «dohiylari»ning misli ko‘rilmagan kirdikorlari tarixiy dalillar bilan ochib tashlanadi. Bu kitobni o‘qib dunyo ishlariga teranroq nazar tashlashga, g‘oya bilan amalni farqlashga, kimning kim ekanini bilishga o‘zimizda rag‘bat sezamiz.
    
Kitob keng o‘quvchilar ommasiga - uyg‘oq fikrli insonlarga ancha-muncha ma’naviy va ilmiy ozuqa beradi deb o‘ylaymiz.


    
Ruschadan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
    Maxsus muharrir Rahmon Qo‘chqorov

    M1
    B 4702620204-8
    M25(04)-05


    C «Ma’naviyat», 2005


Igor Bunich. Partiyaning oltinlari

(http://ziyouz.com/images/books/partiyaning.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=770)

Muallif: Igor Bunich
Hajmi: 18,3 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=770)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=4053.0)
Nom: Re: PARTIYANING OLTINLARI. Igor Bunich.
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:39:47
ASRNI HORITGAN HODISA

Poyoniga yetayotgan yigirmanchi yuz yillikning eng mash-hur, olamshumul, jamiki odamzodni lol qoldirgan voqealari ro‘yxatini har kim har xil tartibda tuzishi mumkin. Biroq, bu ro‘yxatlarning hammasiga, ayni asrda ikkita jahon urushining bo‘lib o‘tgani, yadro quroli kashf etilib insonning o‘ziga qarshi ishlatilgani, odamning koinotga parvoz qilgani, «Titanik» va Chernobil halokati yuz bergani, SPID kasalligining paydo bo‘lgani singari hodisalar, albatta, kiritiladi. Va aminmanki, barcha ro‘ixatlarning boshida bu asrning eng asosiy hodisasi sifatida bir mudhish voqea bitiladi. Bu — asrimiz tongotarida dunyoga kelib, uning so‘ngida o‘z-o‘zini mahv etgan «sotsializm» deb atalmish o‘latning insoniyat boshiga solgan hisobsiz kulfatlaridir. Boshqa olamshumul ishlarning aksariyatini ro‘y berishida ham uning qandaydir aloqasi borligi tufayli bu hodisani birinchi qilib yozishga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, aslida bu qanday hodisa edi? Nega u yuz berdi va nima uchun insoniyatni bunchalar uzoq ovora qildi? Bolsheviklar qilgan kirdikorlar chindan ham kommunistik g‘oyalarning hayotiy ko‘rinishi edimi? Bugunga kelib bu og‘uli g‘oyalarning butkul yo‘q bo‘lib ketgani rostmi?..

Yetmish yillik yaqin tarix haqida tug‘ilayotgan murakkab savollarning cheki-chegarasi yo‘q. Ularga javob izlash maq-sadida moziy sari yo‘lga otlangan sayyohlarning ham. Biroq ularning ko‘pchiligi bunday «sayohat»da ilk bor yurgani tufaylimi yoxud buni bor-yo‘q sayohat deb o‘ylab, yo‘l davomida uchrashi mumkin bo‘lgan dahshatlarga ruhan tayyor emasliklari boismi, o‘ta tez ta’sirchanliklari, hayratlarining toshi yengilligi pand berib, yuzaki taassurotlarga, noto‘g‘ri hukm-xulosalarga yo‘l qo‘ymoqdalar. Holbuki, faqat qoralash, quruqdan-quruq inkor, tarixni his qilmaslik tamoyillari fanda ham, bugungi zamondoshimiz dunyo-qarashida ham jiddiy o‘zgarish yasamasligi barobarida, hatto, ularning zarariga xizmat qilishi ham mumkin...
Nom: Re: PARTIYANING OLTINLARI. Igor Bunich.
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:41:21
Masalaning yana bir murakkab jihati bor. Gap shundaki, hamma narsa haqidagi, xususan, tarix to‘g‘risidagi odamzodning - olimning, publitsistning, faylasufning mulohazalari beistisno nisbiy qimmatga ega bo‘ladi. Har bir odam o‘zi aytayotgan mulohazasini, chiqarayotgan xulosalarini haqli ravishda to‘g‘ri deb o‘ylaydi va bu tabiiy ham. Agar buning teskarisi bo‘lsa edi, bu odamdan shubhalanish mumkin edi. Lekin, ko‘plab faktlar asosiga qurilgan, uzoq va har tomonlama tekshiruvdan o‘tgan manbalarga suyangan bo‘lmasin, baribir, bizga eng to‘g‘ri bo‘lib ko‘ringan xulosalar ham nisbiydir. Chunki, dunyoning o‘zida xulosa yo‘q. Chunki olam va odam haqidagi insonning ojiz mulohazaga kirishuvi, to yaralibdiki, uzluksiz davom etayapti. Uning oxiriga yetdim, so‘nggi haqiqatni aytdim deganning zavoli tayin. Shu yerda o‘rni ekan, Kaykovusning «Qobusnoma»sida bayonini top-gan, podshoh Xisrav Parvezning dono vaziri Abuzurjmehrning ushbu so‘zlarini eslaylik: «Hamma narsani hamma bilur, ammo hamma narsa hanuz onadin tug‘ilmamishdur...»

Demak, odamga qoladigani, uni yupanishga undaydigani shuki, biz olam va odam haqida, garchi nisbiy bo‘lsin, iloji boricha ko‘proq haqiqat bitilgan asarlarni izlaymiz, shularga ishonamiz (ulardan-da to‘g‘riroq haqiqatlar topilgunga qadar!), ulardan ilmiy va ma’naviy ozuq topamiz.

Xususan, XX asr o‘lati bo‘lmish sotsialistik tuzum haqida, uning «dohiylari» qilgan xunrezliklar to‘g‘risida nisbatan batafsil, real manbalarga boy, eng muhimi -to‘g‘rm nuqtai nazardan turib bitilgan asarlar ichida rus muallifi Igor BUNIChning «Partiyaning oltinlari» kitobi alohida diqqatga loyiqdir.
Nom: Re: PARTIYANING OLTINLARI. Igor Bunich.
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:42:08
Hamma realistlar singari ulug‘ dramaturg Shiller dunyo-ni boshqaruvchi kuch deb ikki narsani sanagandi - muhabbat va boylik! Mana shu «qo‘sh jodugar» odamzodni har ko‘yga soladi deb bashorat qilgandi u. Bolsheviklar, ayniqsa, ularning o‘tda kuymas va suvda cho‘kmas yetakchilari ham o‘zlarini o‘ta realist sanardilar. Shu sabab ular dunyoni boshqarish uchun bir narsaning o‘zi ham yetadi deb hisoblashdi, bu ishga muhabbatni aratashtirmaslikni ma’qul topishdi; ortiqcha ko‘z yoshiyu diydiyoning kimga keragi bor? Axir nozikta’b Belinskiy ham aytib qo‘yibdi:

Nechun har narsaga ko‘z yosh daryosi?! Ko‘z yoshi darkordir buyuk ishlarga...

Ko‘ngil aralashmagan ishning esa, u har qancha «buyuk» bo‘lmasin, natijasi oldindan ma’lum...

I. Bunichning fikricha, g‘oyalarining asosiga xususiy mulkka qarshilik maqsadini qo‘ygan bolshevik rahbarlarning o‘zlari butun mamlakat mulkini shaxsiy ixtiyorlariga olishdan uyalmaydilar. Lenindan boshlab to GKChPchilarga qadar — partiyaning aksariyat rahbar va rahbarchalarining butun fikru yodi qanday qilib bo‘lmasin, qachon bo‘lmasin, kimniki bo‘lmasin, mamlakat boyligidan ko‘proq ulush yulib qolish bo‘lganini muallif qo‘l ostidagi faktlar bilan isbotlab ko‘rsatadi. Aslida bu tuzum, bu g‘oya egalari tanazzulining bosh sababi ham shunda edi - siyosiy munofiqlik, so‘zda bir xil, amalda mutlaqo boshqa xil qiyofada namoyon bo‘lish ularning hayot tarzi, sharmandali o‘limiga qadar hukmronlik qilish usuli bo‘lib qolaverdi.
Nom: Re: PARTIYANING OLTINLARI. Igor Bunich.
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:42:57
Yodingizdadir, o‘z davrining mashhur pyesasi - «Miltiqli kishi» asaridagi bir epizodni xo‘p xotiramizga mixlashgandi. Go‘yo, Smolniyda boshi bilan ishga sho‘ng‘igan, kun bo‘yi tuz totmay o‘tirgan Ilichga oddiy askar o‘z rizqi - issiq choy va oq qandni taklif qilganida, bu «proletar ishiga fidokor»ning aytgan so‘zlarini eslang: «Choyingiz uchun rahmatu, lekin qandingizni bolalarga bering!»

Mana xalq g‘amida yashash, kelajak nasllarni o‘ylash, ana jonfidoligu mana kamtarlik!..

Endi bo‘lsa Bunichdan o‘qiymiz: «Har kuni Markaziy Qo‘mita oshxonasining talabnomalari va Kremldagi xizmat ko‘rsatuvchi har xil sohalarning qog‘ozlarini imzolar ekan, Lenin ularga berilayotgan oziq-ovqatlarning xillarini diqqat bilan kuzatib turgan. Bu ovqatlarning xillariga, albatta, uvuldiriqning uch navi, go‘shtning xilma-xil navlari, kolbasa, pishloq, tansiq baliqlar, Lenin o‘zi juda yaxshi ko‘radigan sho‘r bodringlar, quziqorinlar, uch xil kofe kirgan...»

Albatta, aytishimiz mumkin — Leninning kichkinagina qorni qancha ham narsani sig‘dirardi, yesa yebdi-da, deb. Afsuski, Lenin va leninchilarning qursoqlarining tubi teshik ekan. uning poyoni yo‘q ekan. Va bu qursoqlar shu qadar urchiganki, sal bo‘lmasa, dunyoning oltidan bir qismini yeb bitiray dedi.
Nom: Re: PARTIYANING OLTINLARI. Igor Bunich.
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:43:35
Jiddiy tilda aytadigan bo‘lsak, kommunistlar yetmish yildan ko‘proq hokimiyat tepasida o‘tirib, qo‘l ostidagi xalqlarni ekspluatatsiya qilishning boshqa birorta tuzumda kuzatilmagan usullarini o‘ylab topishgan, bu usullarni hech seskanmay millionlab odamlarning ustida, ularning joni evaziga sinashgan.

Ular uchun odam ulkan mashinaning «vintchasi va parragidan» boshqa narsa emas, uning umri bo‘lsa, bu mashina o‘txonasiga qalanadigan arzon o‘tin edi.

Sho‘ro tarixida biron yil bo‘lmaganki, xalqning biror qatlamini qatli om qilish uchun nedir kampaniya o‘ylab topilmagan bo‘lsin. Fuqarolar urushi, kollektivlashtirish, «xalq dushmanlari»ni tugatish, kosmopolitizmga qarshi kurash, ateizm, partiya saflarini tozalash singari o‘nlab yillarga cho‘zilgan kampaniyalarda bo‘lsa, millionlab begunoh kimsalarning aziz umri qurbon qilindi. «Xalq hokimiyati» nomini o‘ziga o‘zi taqib olgan bu rahbariyat ayni xalqni xohlagan ko‘yga boshlar, uning vakillarini bir-birlariga qayrab solib, har ikki tomon jasadi ustida quzg‘unday sovuq rohat tuyardi.
Nom: Re: PARTIYANING OLTINLARI. Igor Bunich.
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:44:38
Bolshevizm yuzlab millatlar boshiga solgan ko‘rguliklar tafsiloti bilan kitobning o‘zidan tanishish imkoniyati bo‘lgani tufayli men boshqa bir mulohazaga urg‘u berish bilan cheklanaman: xo‘sh, bu singari tarixiy-publitsistik asarlarning bugungi o‘quvchi uchun qanday ahamiyati bor?

Birinchidan, tarix, uning sahifalari qanday rang bilan bo‘yalgan bo‘lmasin, albatta, o‘qilishi va uqilishi ke-rakdir. Qolaversa, bu — bizning ham otalarimiz tarixi, ularning achchiq qismatlari bayoni.

Ikkinchidan, tarix xolis va halol o‘rganilmog‘i, uning bag‘rida kechgan hodisalar to‘g‘ri — insonparvarlik nuqtai nazaridan baholanmog‘i talab etiladiki, qo‘lingizdagi kitob bu jiddiy talabga ham javob beradi.

Uchinchidan, tarix faqat shu fan sohasi kishilari bilib-tekshirib qo‘yadigan ilm turi bo‘lmay, uni, ayni hodisalar taqdiriga daxldor bo‘lgan millatlarning barcha ongli vakillari bilishi lozim bo‘lgan muhim ma’naviyat mulki hisoblanadi. Bu bilim bizni bugungi kun qadriga yetishga o‘rgatadi, ertanga kun sarhadlariga to‘g‘ri qadam bosishimizga garov bo‘ladi.

Eng asosiysi esa, hayotga kirib kelayotgan avlodlarning «kommunizm» degan cho‘pchakka, «sotsialistik» degan g‘oyaga aldanmasliklari, bu kabi chiroyli atamalarning asl mohiyati nimada ekanini anglab hushyor tortishlari uchun ham «Partiyaning oltinlari» singari kitoblar mutolaasi zarurdir.

Qolaversa, siyosiy va iqtisodiy tanazzul holatini bo-shidan kechirayotgan ayrim qo‘shni mamlakatlarda kommunistik va hatto, «stalinchi» partiyalarning bosh ko‘tarayotgani, hokimiyatni qo‘lga olish uchun jiddiy urinayotganlari taraqqiyparvar har bir insonni tashvishga solmasligi mumkin emas. I. Bunich kitobida o‘z aksini topgan tarixiy haqiqat esa, bu talvasalarning yetakchilari qiyofasi va maqsadlarini ochib tashlashga yordam beradi.
Nom: Re: PARTIYANING OLTINLARI. Igor Bunich.
Yuborildi: Musannif Adham 24 Oktyabr 2009, 02:45:47
«Partiyaning oltinlari» kitobi to‘g‘risidagi qisqa mulohazalarni shu bilan tugatsa ham bo‘lar edi. Lekin, bu asarning o‘zbek o‘quvchisiga yetib kelishidan, bemalol aytish mumkinki, qahramonona mehnat qilgan ustoz adabiyotshunos, mohir tarjimon Ozod Sharafiddinovga tahsinlar aytmaslikning iloji yo‘q. Gap I. Bunich asarining ulkan hajmida ham, muallif hikoya uslubining murakkabligiyu uni tushunib o‘zbekchalashtirmoq uchun mutarjimdan talab qilingan bilim va tajriba salmog‘i ustida ham emas. Gap shundaki, ayni asar tarjimasini boshlagan kezlari Ozod aka og‘ir xastalikni boshidan o‘tkazayotgan edilar. Bir hafta uyda bo‘lsalar, bir oy bemorxonada, faqat yotgan holda davolanishga to‘g‘ri kelardi. Endi o‘ylang — uncha-muncha odamning ko‘ngliga shunday tahlikali paytda tarixiy, hajman yirik kitobni o‘qishgina emas, uni hatto tarjima qilish orzusi, bu orzuni amalga oshirmoq jahdi sig‘adimi?.. Ozod Sharafiddinovda mana shu keng ko‘ngil, tuganmas orzu, cheksiz ijodiy matonat, hamma-hammasi bor ekan. Biz u kishidan qanday yashashni, qanday ishlashni, umrni qanday e’zozlashni hamon o‘rgansak arziydi. Shu bilan birga, kitob tarji-masini o‘kib, uning naqadar o‘zbekcha lisonda «so‘zlayotgani»ni his qilib, Ozod akaning o‘zbek madaniyati rivojiga juda jiddiy ulush qo‘shayotganiga yana bir bor tan beramiz!

Endi esa XX asrning ne-ne odamlari aqlini, ruhini, umrini va orzusini poymol qilgan manfur kommunistik partiyaning oltin ko‘yida tushgan talvasasi haqida hikoya qiluvchi g‘oyatda qiziqarli tarixni o‘qishga marhamat qiling!
   
Rahmon QO’ChQOROV,
filologiya fanlari nomzodi
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:16:26
BIRINCHI QISM

BOSQIN

Vladimir Ilich Lenin jahon inqilobi haqidagi ardoqli orzulariga berilar ekan, ularni amalga oshirish uchun biror-bir davlatning butun boyliklari, iqtisodiy zaxiralari va tabiiyki, xazinadagi oltinlarini qurolli kuch yordamida qo‘lga kiritish zarurligini yaxshi bilardi. Shunisi borki, bularni o‘ylaganda u hech qachon Rossiyani nazarda tutgan emas. Sababi, Rossiyaning iqtisodiy ahvoli hamisha nochor, boshqa davlatlardan qarzi katta, xazinasi qup-quruq bo‘lgan. Lenin Shveytsariyani zimdan ko‘z ostiga olib yurgan. U dunyoga egalik qilish borasidagi rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun mo‘‘jazgina bu mamlakatni juda qulay, deb hisoblagan. Ovruponing markazida joylashgan, aholisi har xil millatlardan tarkib topgan (tayyor baynalmilal!), xalqaro banklar tizimi orqali oltin changallari bilan butun dunyoni bo‘g‘zidan tutgan. Dohiyning rejalariga ko‘ra, ayni shu Shveytsariyadan inqilob butun Ovrupo bo‘ylab g‘olibona yurishini boshlamog‘i kerak. Inqilob Shveytsariyadagi minglab tonna oltinning kuchi bilan o‘ziga yo‘l ochishi mumkin edi. Mutaxassislarning chamasiga ko‘ra, Leninning hamyoni qoq-quruq bo‘lgan, shu sababdan uning ko‘nglida Shveytsariya haqidagi xomxayollar tug‘ilgan. Onasi vafot etgandan keyin unga Rossiyadan pul kelmay qolgan, dohiyning o‘zi esa tirikchiligini o‘tkazish uchun ishlab pul topishga ojizlik qilgan. Shuning uchun shirin-shirin orzular uning vasvasaga uchragan ongida Shveytsariya bankining zirhli sandiqlari tarzida namoyon bo‘lgan. Ammo, ming afsuski, proletariat dohiysining changaliga Shveytsariya emas, Rossiya tushib qoldi va juda uddaburonlik bilan zumda uni jahon inqilobi uchun bir maydonga aylantirdilar.

Hamma dohiyona ishlar kabi Leninning siyosati ham anchayin jo‘n edi. Bu siyosatga asos qilib K. Marks tomonidan «Kommunistik manifest»ida e’lon qilingan sotsializmning asosiy g‘oyasi olingan edi. Bu g‘oyaga ko‘ra «ishchilarning vatani yo‘q», shuning uchun sotsialistlar hech qachon va hech qanday sharoitda davlat manfaatlarini himoya qilmasliklari kerak. Ilich buni son-sanoqsiz nutqlari, maqolalari, ma’ruzalari, tezislari, qaydlarida takror-takror ta’kidlashdan erinmas edi. Masalaning bu tarzda qo‘yilishi bir zumdayoq yaxshi samaralar berdi. Bugun biz bema’ni mafkuraviy nazariyalarning qobiqlarini bir chekkaga surib qo‘yib, hodisalarga yetmish besh yillik masofadan nazar tashlab, ehtimolki birinchi marta — Rossiyada 1917 yilning oktyabrida nima voqea ro‘y berganini hamma anglaydigan sodda tidda tushuntirib berishga urinib ko‘ramiz. Shunda chorak kam bir asr o‘tgandan so‘ng — 1991 yilning avgustida sodir bo‘lgan voqealarni tushunish ancha oson ko‘chadi...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:18:17
O’shanda quyidagi voqealar ro‘y bergan edi. Rossiyada monarxiya ag‘darib tashlangandan keyin demokratik boshboshdoqlik boshlandi. Bundan foydalangan xalqaro terrorchilar tashkiloti mamlakatda hokimiyatni bosib oldi. Moliyaviy jihatdan bu tashkilotni o‘zining tinchligini o‘ylagan Germaniya ta’minlab turardi. Insoniyat tarixida hali bunaqasi ko‘rilmagan edi. Bu jahon uchun mutlaqo kutilmagan bir voqea bo‘ldi. Ochig‘ini ayttanda, voqea ishtirokchilarining o‘zi ham, ya’ni talvasaga tushgan rahnamolari tevaragiga jipslashgan bir to‘da qalang‘i-qasang‘i muttahamlar ham omad bunchalik kulib boqishini kutishmagan edi. Ular yengib chiqish-lariga sira ishonishgan emas, shu tufayli fe’lu atvorlari va qilg‘iliklari ham shunga yarasha bo‘lgan. Bolsheviklar kissalariga xorijiy pasportni solib olib, qanday qilib kutilmaganda Rossiyada paydo bo‘lgan bo‘lsalar, xuddi shunday qo‘qqisdan juftakni rostlashga tayyor edilar. Shuning uchun ular mamlakatning milliy boyligini talon-toroj qilishga kirishdilar, uni to‘rt tomonga tortqilab, xorijga jo‘nata boshladilar.

Avvaliga bu ish shoshma-shosharlik bilan va uquvsiz tarzda qilindi. Bu talon-toroj ertaga davom etadimi-yo‘qmi — hech kim bilmas edi. Shuning uchun imkoni boricha bugun yulib qolish kerak. Shu bilan birga jinoyatchi unsurlarning raqo-batidan xalos bo‘lmoq zarur. Bu unsurlar yangi hokimiyatning «Talanganni tala!» degan shiorini bajonudil qabul qildilar-u, lekin o‘ljalarini hukumat bilan bo‘lishishni xayollariga ham keltirmadilar. Holbuki, bu shior ularga atalgan emas edi. Bunga ko‘p o‘tmay amin bo‘lishdi, chunki hech qanday sudu tergovsiz — qo‘lga tushgan joylarida shafqatsizlik bi-lan otib tashlana boshladilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:19:50
Yangi hokimiyat jinoyatchi unsurlarga qaraganda yaxshiroq uyushgan va qurollangan edi. Ular o‘zlarining xatti-harakatlarini huquqiy jihatdan asoslash uchun g‘animat vaqtlarini sarflab o‘tirishni istamas edilar. Shunga qaramay mafkuraviy asos kerak edi. Bu asos dohiyning aql bovar qilmaydigan kattakon miyasidan chiqdi va ashaddiy xomxayolligi bilan eng yaqin sheriklarni ham dahshatga soldi. Chorizm va zolimlar tomonidan xalkdan talab olingan boyliklarning hammasini bolsheviklar tortib oladi. Bundan kuzatilgan yagona maqsad bor — bu boyliklar keyinchalik hamma mehnatkashlarga baravar taqsimlab beriladi. «Yo Parvardigor! — deya xitob qilgan edi qo‘rqoq va anoyi, go‘l Buxarin. — Nahotki bunga ishonib bo‘lsa?!» «Ishonishadi! Ishonmay ilojlari qancha?» — degan edi uni tinchlantirgan Dzerjinskiy «proletariat diktaturasi» uchun musodara qilingan brilliantlardek mastona suzuk ko‘zlarini chaqnatib.

Chindanam ishonishdi! Ivan tentak haqidagi ertakka anoyi, laqma va hamisha aldanib kelgan xalq chuqur ishonganini eslang. Bu ertakka ko‘ra, Ivan tentak podsho bo‘lganidan keyin mamlakat xazinasini ham, qatl qilingan boyonlarning xazinasini ham xalqqa bo‘lib bergan va bu voqea sharafiga uch hafta bazmi jamshid uyushtirgan. Bu «ertak»ka ishonmaganlarni esa otishgan, suvga cho‘ktirishgan, cherkovlarda yondirishgan, yerto‘lalarda sudsiz-tergovsiz gaz bilan zaharlashgan. «O’rnak bo‘ladigan darajada shafqatsiz bo‘ling!» — deb ta’lim beradi Ilich. — «Hech kimdan so‘rab o‘tirmay, ahmoqona dahmazalarga yo‘l qo‘ymay, otib tashlansin!» Bolsheviklar jahonda birinchi bo'lib o‘z xalqini yangicha usulda ommaviy qirg‘inga duchor qildi. Bu esa, albatta, bir to‘da haromilarga hokimiyatni saqlab qolish imkonini berdi. Jahonning kazo-kazolari ovsarlik bilan qonli tuzumning muqarrar halokatga uchrashini bashorat qilishgan edi. Ammo bu bashorat amalga oshmaganini ko‘rib larzaga tushdilar. Jahon bolsheviklarning yangi usullaridan bexabar edi. Mabodo xabardor bo‘lgan-da ham, bunday usullarni XX asr amaliyotida yaqindagina o‘zini Ovrupoga mansub deb yurgan bir mamlakatda qo‘llash mumkinligiga sira-sira ishonmas edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:21:29
Ammo chekistlarning o‘qlaridan ko‘ra bolsheviklar tarqatgan odamlarning yalpi tengligi haqidagi zaharli g‘oya qo‘rqinchliroq bo‘lib chiqdi. Ayni shu g‘oya xalqaro terrorchilarning bayroqlari ostiga Rossiyadagi million-million ommani jam qildi. Ayni shu yalpi tenglik g‘oyasini dastak qilib, behisob talashlar, musodaralar, tortib olishlar amalga oshirildi, ayni shu g‘oya yo‘lida son-sanoqsiz qurbonlar berildi; ayni shu g‘oya bolsheviklarga hokimiyat tepasida qolishga imkon tug‘dirdi va ayni shu g‘oya vajidan ularning butun mamlakatni qoplagan ommaviy telbalikni mantiq va aql kuchi bilan to‘xtatishga uringan raqiblari mag‘lubiyatga uchradi. Bolshevizm vasvasasi — butun mamlakatning quturishiga o‘xshagan bir xastalikdir. Ming afsuski, ijtimoiyotchilar bu tashxisni juda kechikib qo‘ydilar va bundan buyog‘iga psixiatrlar ish olib bormog‘i kerak deb hisobladilar. «Sotsializm — hasad mafkurasidir», — deb xulosa chiqargan edi Berdyaev 1918 yiddayoq, lekin afsuski, uning gapiga hech kim quloq solgani yo‘q. Aks holda uni turgan joyidayoq mahv etardilar. Bu - quturish mikroblari yoki hasad mafkurasimi, yoki unisi ham, bunisi ham edimi? Qo‘ying, mayli, buni kelajak olimlari aniqlasin - qon va talov asosida jannatmonand saltanat barpo etish mumkin deb ishongan ulkan mamlakat xalqlarini qanday qilib shu qadar bema’ni gap bilan laqillatish mumkin? Qoniga belangan, qon bilan ter to‘kkan xalq yangi chiqqan dohiylari musodara qilingan boyliklarni qachon taqsimlab bera boshlashini, narkom bilan oqsoch xotin qachon o‘zlarining teng ulushlarini olishlarini kutib o‘tirar ekan, voqealar tamom boshqacha yo‘ldan keta boshladi.

1917 yilning oktyabrida Lenin tomonidan tuzilgan jahondagi ishchi va dehqonlarning birinchi Sotsialistik davlati aslida, o‘z mohiyatiga ko‘ra, Germaniyaga qaram bo‘lgan va Germaniya kunpayakun bo‘lguncha, ya’ni 1918 yilning noyabriga qadar qaramligicha qolgan edi. Bugun buni kamdan-kam odam biladi. Sharqiy frontni vayron qilib bergani, keyinchalik esa Rossiya imperiyasini tugatgani uchun Lenindan minnatdor bo‘lgan nemislar bu yangi tug‘ilgan tuzumdan moddiy va ma’naviy yordamni ayamadilar. Nemislar bolsheviklarning Rossiyadagi yosh va hali har jihatdan g‘o‘r demokratiyaga qarshi fitnasiga ko‘mak tarzida nemis Bosh qarorgohining million-million pulini sarfladilar va bu bilan ham cheklanmay, Oktyabr to‘ntarishida bevosita ishtirok etdilar. Ularning ishtiroki shunda ko‘rindiki, nemis «harbiy asirlari»dan tashkil topgan otryadlar Petrogradni general Krasnov kazaklaridan saqlab qoldi va Moskva Kremliga bomba yog‘dirib, uni ishg'ol etishga rahbarlik qildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:24:53
Lenin o‘z vallamatlariga minnatdorligini Brest sulhi bilan ifodaladi. Bu sulhga ko‘ra sobiq Rossiya imperiyasi G’arbiy hududlarining salkam yarmi nemislarga berildi. Buning evaziga Lenin o‘z kallakesarlari nazoratida bo‘lgan yerlarda istagan noma’qulchiligini qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ammo u bu hududda qancha vaqt davru davron surajagi haqida zarracha tasavvurga ega emas edi. Nemislar Rossiyada qanaqa bezorilarni hokimiyat tepasiga chiqarishganini sekin-asta tushuna boshladilar, bolsheviklar o‘z tasarruflariga to‘g‘ri kelgan xalqni qanday usullar bilan majburlab «baxtiyor» qilayotganliklarini ko‘rib dahshatga tushdilar va bu qonli rejimni boshqa biron durustroq tuzum bilan almashtirish haqida o‘ylay boshladilar. Sirasini aytganda, buni juda oson uddalasa bo‘lardi - Petrofad bilan Moskvani bosib olish uchun nemis qo‘shiniga 48 soatdan 72 soatgacha vaqt kifoya edi. Ammo nemislar Brest sulhi misolida mislsiz sovg‘a oldilar. Bunaqa sovg‘a ularning yetti uxlab tushlariga ham kirmagan edi. Shuning uchun nemislar avvalgi turli siyosiy guruhlarning vakillari, imperator xonadonining omon qolgan a’zolari hamda Muvaqqat hukumat va Bosh shtab vakillari bilan muzokara olib borar ekanlar, bolsheviklarni ag‘darib tashlashda ularga yordam berishni va’da qildilar va buning evaziga faqat bitta narsani — Brest sulhi moddalarini tasdiqlashni talab qildilar. Muzokarada Rossiya tomonidan qatnashayotganlarning hammasi bu taklifni ijirg‘anib rad etishdi, nemislar esa hech narsada yon berishmadi. Nemislar ochofatligi, ruslar halolligi uchun ko‘radiganlarini ko‘rdilar.

Lenin nemislarning nayranglaridan xabardor edi. U har kuni nemis qo‘shinlari xurujidan xavotirlanardi — axir, nemis nayzalari uni umumrossiya taxtiga nechog‘li oson chiqarib qo‘ygan bo‘lsa, yana shunday tushirib ham qo‘ya olardi. Va-ziyat kutib o‘tirishga yo‘l qo‘ymasdi. Leninga tan berish kerak — uning asablari temirdan ekan — u o‘g‘riboshi «paxanlar»ga o‘xshab qattiqqo‘llik bilan ish yuritdi va vahimaga tushib titrab-qaqshayotgan, qo‘rquvdan yuragi yorilayozgan yaqin sheriklarining tumtaraqay bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:28:19
Keyinchalik samimiy yozilgan xususiy maktublaridan birida Nikolay Buxarin buni zavq-shavq bilan xotirlaydi: «Boshqa birov emas, ayni Leninning o‘zi avval eserlarni, keyin mensheviklarni chuv tushirib, hammasining kallasiga urdi, keyin qo‘liga to‘qmoq oldi. U, hatto, biz bilan ham hamma narsani uzil-kesil yechib bo‘lgandan keyingina gaplashardi. Biz indamasdik, bo‘ysunardik va nazariya bilan dasturimizga xilof o‘laroq, hamma ishlarimiz o‘ngidan kelardi. Denikin Tulaga yaqinlashib qolgandi, biz chamadonlarimizni joylab taxt qilib qo‘ygandik, kissalarimizda soxta pasportlar. Men, bilasan, qush jinnisiman, Argentinaga jo‘nab, to‘tiqush ovlash bilan jiddiy shug‘ullanishni ko‘nglimga tugib olgandim. Shunda boshqa birov emas, ayni Lenin mutlaqo xotirjam edi. U: «Bundan battar bo‘lmaydi. Ammo hamisha omadimiz yurishib kelgan. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi!» - deb bashorat qildi».

Xo‘sh, bolsheviklar xorijga jo‘nashni ko‘ngillariga tugib, hatto, Argentinaga boradigan yo‘lni ham belgilab qo‘ygan ekanlar, o‘zlari bilan nimani olib ketmoqchi edilar?

Hali nemis «baynalmilalchilari» Pulkovo adirlaridagi handaqlarda yotgan, «Ozodlik tongi» linkori esa (sobiq «Imperator Aleksandr II») o‘n ikki dyuymli to‘plari bilan Peterburgni janubdan qo‘riqlab turgan paytda, to‘ntarishdan keyin Petrogradda mustahkamlanib olishga ulgurib-ulgurmay, buning ustiga ishlar qanday ketishi hali noma’lum bo‘lsa-da, Lenin o‘ziga xos andishasizlik bilan «qizil gvardiyaning kapitalga qarshi hujumi»ni e’lon qildi. Qasrlar, shu jumladan, Qishki saroy ham talon-toroj etilgan, bank-lar, zargarlik do‘konlari, yirik savdo korxonalarining kassalari, xususiy o‘zaro yordam kassalari, banklarning zavodlardagi tarmoqlari bosib olingan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:30:53
Avvaliga ishlar ko‘ngildagidek silliq bormadi. Qaylardadir qurolli soqchilar qattiq otishdilar, qaydadir ayrim kishilar qarshilik ko‘rsatishdi, qaydadir oltin va qimmatbaho toshlar saqlanadigan xazinalar yoki temir sandiqlarning kalitlari hadeganda topila qolmadi, qaydadir banklarning qurolsiz xodimlari va moliya vazirligining amaldorlari oqibatini o‘ylab o‘tirmay bo‘ysunishdan bosh tortdilar - ularning aksariyati keksayib qolgan odamlar edi, chunki hamma yoshlarni urush gumdon qilgandi. Ammo ahvol dastlabki kezlardagina shunday edi.

Bolsheviklar nafaslarini rostlab, tevarak-atrofga qarab, hech kim ularga xalaqit bermasligini va jiddiy qarshilik ko‘rsatmasligini anglagach, ancha ishonch bilan harakat qila boshladilar. 1917 yilning 3 noyabrida Lenin quyidagi buyruqni beradi: «Ishchi-dehqonlar Hukumati - Xalq Ko-missarlari Sovetini tan olishdan bosh tortgan va bank bo‘yicha ishlarni topshirishni istamagan Davlat banki xodimlari qamoqqa olinishi kerak. Imzo chekkanlar: Xalq Komissarlari Sovetining Raisi: V. Ulyanov (Lenin); Xalq Komissarlari Sovetining Kotibi: N. Gorbunov».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:34:31
1917 yil noyabridan sanoat korxonalarini «xalq foydasi»ga musodara qilish boshlanadi. Bu ish Likin manufakturasini musodara qilishdan boshlanadi. 1917 yil 9 dekabrda Xalq Komissarlari Sovetining Lenin raisligida o‘tgan majlisida Tog‘ konlari hissadorlik jamiyati mulkini musodara etish haqida qaror qabul qilinadi. 27 dekabrda Serginsk-Ufaley va Kashtin tog‘liq viloyatidagi hissadorlik jamiyati mulklarini, Antardagi aeroplan zavodi mulklarini musodara qilish, Putilov zavodini «xalq mulki»ga aylantirish haqida farmon chiqadi. Mamlakatning milliy boyligini talon-toroj etish ishi tez sur’atlarda bordi. Uning samaradorligi ortgandan orta bordi va dunyoga dong‘i ketgan yirik banklar hamda hissa-dorlik jamiyatlari darajasidagina cheklanib qolgani yo‘q. Hatto mayda-chuyda o‘ljasini ham qo‘ldan chiqarishni istamagan ovchi kabi jazavaga tushgan Lenin Dzerjinskiyga ko‘rsatma berib, qay bir darajada oilaviy boyliklar va jamg‘arma to‘plashi mumkin bo‘lgan hamma shaxslarni zudlik bilan ro‘yxatga olishni buyuradi.

Bundaylarga kimlar kirgan?

1.  Badavlat sinflarga mansub, ya’ni oyiga 500 so‘m va undan ortiq daromadi bo‘lgan shaxslar, shaharlarda ko‘chmas mulkka, 1000 so‘mdan ortiq miqdordagi pul va aktsiyalarga ega bo‘lgan odamlar, shuningdek, bank xizmatchilari, hissadorlik korxonalari, davlat muassasalari hamda jamoatchilik tashkilotlari xodimlari 24 soat mobaynida (ko‘proq muddat berishga Leninning sabri chidamagan, holbuki yangi tashkil qilingan siyosiy politsiyaning sardori muddatni uch kun deb belgilashga majbur bo‘lgan) uy qo‘mitalariga uch nusxada o‘zlari imzo chekkan arizalar berib, unda o‘z manzillarini, daromadlarini, xizmatlarini va mashg‘ulotlarini ko‘rsatishga majburdirlar.

2.  Uy qo‘mitalari bu arizalarni imzo bilan tasdiqlaydilar, uning bir nusxasini o‘zlarida saqlab qoladilar, qolgan ikki nusxasini esa Shahar boshqarmasiga va Ichki Ishlar Xalq Komissarligiga (NKVD) topshiradilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:38:33
3.  Mazkur qonunni bajarmaslikda (ariza bermaslikda yoxud yolg‘on ma’lumotlar berishda) aybdor shaxslar har bir bo‘yin tovlagani uchun 5000 so‘mgacha (Bu raqam o‘chirilib 10000 qilib tuzatilgan. Ilhom ijod vaqtida keladi-da...) pul jarimasi bilan, aybining darajasiga qarab bir yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanadi yoxud frontga jo‘natiladi.

4.  Birinchi moddada ko‘rsatilgan shaxslar yuqorida zikr etilgan arizalarning nusxasini doimiy ravishda yonlarida olib yurishga majburdirlar. Arizalar uy qo‘mitalari, shuningdek, boshqa boshliqlar yoxud saylab qo‘yilgan muassasalar tomonidan berilgan guvohnomalar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

5.  Bu shaxslar mazkur qonun nashr etilgandan so‘ng bir hafta muhlat davomida har haftalik daromad va buromadlarini yozib berish uchun va ularni qo‘mitalar hamda muassasalar bergan guvohnomalarga yozib qo‘yish uchun iste’molchi ishchi kartochkalari tutishga majburdirlar (kartochka nusxasi ilova qilinadi). (Gitlerning bunday ishlarni amalga oshiradigan xodimlari bor edi. Uning o‘zi bunaqa hujjatlarning birontasida barmog‘i izini qoddirgan emas. Jahon proletariatining dohiysi esa bunday qog‘ozlarni o‘zi yozgan.)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:40:57
Leninga mansub hamma hujjatlar kabi bunisi ham o‘z vazifasiga to‘la mos keladigan tarzda yozilgan. Oyiga 500 so‘m va undan ortiq olinadigan daromad o‘rtahol savdogarlarni va ziyolilarni, ayniqsa, advokatlar, jurnalistlar, noshirlar kabi ijodiy ziyolilarni abgor qiladi. 1000 so‘mlik ko‘chmas mulk esa biryo‘la barcha mayda-chuyda uvoqqina do‘konchalar, Oxtadagi polizlar, Viborg tomonidagi uylarning egalarini qamrab oladi. Bu hujjat o‘z ruhiga va mazmuniga ko‘ra nemis okkupatsion hukumati yahudiylarni ro‘yhatdan o‘tkazish haqida chiqargan buyrug‘ini eslatadi va mamlakatni behayo hamda shafqatsiz bosqinchilar bosib olganini yaqqol isbot qiladi. Ammo Leninning ishtahasi shu bilan qanoatlangani yo‘q. Xo‘sh, daromadi kamroqb bo‘lgan, ko‘chmas mulki 1000 so‘mlik emas, aytaylik, 25 so‘mlik odamlarni nima qilish kerak? Dohiy o‘rtoq Dzerjinskiyga yozgan dovruqli maktubini mashhur 7-modda bilan tugatadi-da, o‘z afsonaviy dahosini yana bir bor yorqin namoyon etadi:

«7. Birinchi moddadagi shartlarga to‘g‘ri kelmaydigan shaxslar o‘zlarining daromadlari va xizmat joylari haqida uy qo‘mitalariga bir nusxada ariza beradilar. Bu ariza uy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:42:31
Tekshirib aniqlab o‘tirishning nima hojati bor? Talaydigan bo‘lgandan keyin hammani birvarakayiga talayveradi-da! Yarim kechasi muz bilan qoplangan Fin qo‘ltig‘i orqali yoxud janub tomonga qochib qolganlarni aytmasa, laqmalik qilib ro‘yxatdan o‘tganlarning uyiga o‘sha zahotiyoq bostirib kirib tintuv o‘tkazishgan. Bu tintuvlar ba’zan oylab davom etgan. Masalan, zargar Nikolaev yoxud muhandis Kuravskiyning uyi shunaqa uzoq tekshirilgan. Devorlar buzib ko‘rilgan, pollar qo‘porilgan, mebelning avra-astari ag‘darilgan, uy egalarini kaltaklashgan, qiynashgan, ularning ko‘zi oldida qizlarini, xotinlarini zo‘rlashgan, bolalarini xo‘rlashgan. Bunday tintuvlar oqibatida mabodo bir narsa topib olishsa, masalan, gimnaziyani a’lo bitirgani uchun berilgan oltin medal ham kifoya — oila boshlig‘ini turmaga olib ketishar (ko‘pincha u yerdan qaytmas edilar), oilani esa ko‘chaga haydardilar.

Rossiyada ham boshqa hamma mamlakatlardagi kabi yuz minglab odamlar jamg‘armalarini banklarda saqlashga odatlanib qolishgan edi. Buning uchun ular xususiy seyflardan yoki o‘sha vaqtning tili bilan aytganda, po‘lat qutilardan foydalanar edilar. Turli qalam haqlari, aktsiyalardan ke-ladigan foydalar, sarmoyadan olinadigan foizlar shu qutiga o‘tkazilardi. Jamg‘armalarni sir tutish bank tizimining asosidir. Shuning uchun po‘lat qutilarning egalari kim ekanydan ko‘pincha bank xodimlarining xabari bo‘lmas edi. Ular shifru kalitning nomerini bilishardi, xolos.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:44:28
Banklarni bosib olishganda bolsheviklar bu qutilarning hammasini sindirib, ichidagini qoqlab olishlari mumkin edi, albatta. Ammo bu juda ibtidoiy ish bo‘lardi. Xususiy seyf egalarini qo‘lga olish o‘zgacha gasht berardi. Negaki, ularning boyliklari faqat shu qutidagilar bilan cheklanmaydi deb taxmin qilinardi. Natijada 1917 yilning 14 dekabrida Lenin Butun Rossiya Ijroiya Qo‘mitasining «Po‘lat qutilarni taftish qilish to‘g‘risida»gi qarorini tasdiqladi. Unda quyidagi gaplar bor edi:

«1. Banklarning po‘lat qutilarida saqlanuvchi hamma pullar mijozlarning Davlat bankidagi joriy hisobiga o‘tkazilmog‘i kerak.

Izoh: Tilla tangalar va quyma oltin musodara qilinib, umumdavlat oltin jamg‘armasiga topshiriladi.

2. Po‘lat qutilarning hamma egalari po‘lat qutilar taftishida ishtirok etish uchun chaqirilganda kalit bilan bankka kelishga majbur.

3.  Uch kun davomida kelmaganlar taftishdan qasddan bo‘yin tovlagan deb hisoblanadilar.

4. Taftishdan qasddan bo‘yin tovlagan shaxslarga qarashli qutilar Davlat banki komissarlari belgilagan taftishchi komissiya tomonidan ochiladi va uning ichidagi hamma mulk Davlat banki tomonidan xalq mulki tarzida musodara qilinadi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:47:06
Taftishda qatnashish uchun kelganlar esa darhol qamoqqa olinardi va ulardan boshqa boyliklari haqidagi ma’lumotlar har qanday yo‘l bilan bo‘lsada, sug‘urib olinardi.

Mamlakatni talash bilan bir qatorda bu jarayonga hech kim xalaqit bermasligi ham puxta o‘ylangan. O’z-o‘zidan ayonki, bolsheviklar, ayniqsa, ofitserlardan xavotir olishgan. O’sha kezlarda Petrogradda 50 mingga yaqin ofitser bor edi. Armiya vayron bo‘lib, uni tarqatib yuborish haqidagi farmon chiqqandan so‘ng ofitserlar uy-uylariga qaytib ketishgandi. Ularning ko‘plari faol qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirmay, nima qilib bo‘lsada, bu dahshatli qunlardan o‘tib olishga umid bog‘lashardi. To‘rt yillik jahon urushida ularning surobi to‘g‘rilanib qolgandi. Ammo omon qolishning iloji bo‘lmadi. Hamma ofitserlar xizmat joylariga kelib ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi to‘g‘risida farmon chiqdi. Kelmaganlar otilar edi. Ro‘yxatdan o‘tgani kelganlarni esa barjalarga joylab, Fin qo‘ltig‘iga olib borib, cho‘ktirib yuborishdi. O’sha kezlarda «aksilinqilob gidrasi» degan mashhur atama yuzaga keldi. «Gidra» deganini quyidagicha yasar edilar: uchta yo to‘rtta ofitserni bir-birlariga orqama-orqa qilib bog‘lashardida, suvga uloqtirishardi. Ammo favqulodda hollarda — chekistlar ko‘ngil ochishni istab qolganlaridagina shunday qilinardi. Odatda esa ularni sinfiy jihatdan alohida xavfli unsurlar sifatida jo‘ngina suvga cho‘ktirishar yoki otib tashlashar edilar. Ayni choqda ularning diqqat-e’tiborlari asosiy vazifadan - Rossiyani talash vazifasidan bir daqiqa ham chalg‘imas edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:51:15
Rossiyaning shimoliy va markaziy gubernalaridagi qo‘rqib ketgan minglarcha aholi janub tomonga - Ukrainaga qocha boshladi. Uning mustaqilligi Brest shartnomasi bilan kafolatlangan va nemis qo‘shinlari tomonidan himoyalangan edi. Nemislar RSFSR chegaralari bo‘ylab Ukrainadan to Boltiqbo‘yigacha joylashgan edilar. Ular bir tomondan bolsheviklarni tashqi xurujlardan himoya qilar va ayni choqda o‘z hududlarini kengaytirishlariga ham yo‘l qo‘yishmasdi. Qo‘shinlar qochoqlarni orqaga qaytarishar, qay bir yo‘l bilan o‘tib ketganlarini ushlab, bolsheviklarga topshirardilar. Allaqachon «noqonuniy tarzda chegaradan o‘tganlar» to‘g‘risidagi Lenin dekreti amalga kirgandi. Bu dekretda chegarani buzganlarni otib tashlash ko‘zda tutilgandi. Bolsheviklar tomonidan bosib olingan hududda qolgan ko‘pgina odamlarning qarindoshlari va do‘stlari Ukraina hukumatini iltimosnomalarga ko‘mib tashlashdi. Bu iltimosnomalarda qarindoshlarining taqdiriga aralashish va ularni kommunistik «jannatdan» xalos bo‘lishlariga ko‘maklashish so‘ralgan edi.

Ukraina hukumati yordam so‘rab nemislarga murojaat qildi. Ular Moskvadagi elchilari Mirbax orqali bolsheviklarning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdilar. Nemislarni hayron qoldirib, Lenin bu taklifni bajonudil qabul qildi. Getman hukumati «tekinxo‘r sinflar» haqida shunchalik g‘amxo‘rlik qilar ekan, sovet hukumati istagancha odamni Ukrainaga jo‘natishga mutlaqo qarshi emas, faqat... bu ish bepul bitmaydi. Mayli, Kievda odamlarning familiyalari va manzillarini ko‘rsatib ro‘yxatlar tuzishsinda, uni Moskvaga jo‘natishsin. Har bir qochoq uchun 2000 funt-sterling yoxud tilla so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. Lekin, mayli, jin ursin sizlarni, pul bo‘lmasa, bug‘doy bera qolinglar. Faqat shoshilinglar. Fursat o‘tib boryapti. Dohiyning so‘nggi so‘zlarida oshkora shama bor edi. Oradan ko‘p o‘tmay Ukrainadan shimolga g‘alla ortilgan eshelonlar yo‘l oldi. Bular o‘sha paytda butun Rossiyada «getman eshelonlari» deb tanilgan edi. Ular ko‘plab mahkumlarga ozodlik va hayot eltdilar. Janub tomonga Ukrainada qarindoshlari va do‘stlari bor qochoqlar to‘lib-toshgan poezdlar yo‘lga chiqdi. Chegaradagi bekatlarda qochoqlarni tintib, bor-budlarini shilib olishardi. Poezdlar sutkalab turib qolardi. Hech qanaqa kafolat yo‘q edi. Istagan odamni to‘satdan qamab qo‘yishlari va hatto perronning o‘zida otib tashlashlari ham hech gap emas.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:54:14
Ammo bularning bari hali holva edi. Rossiyada juda badavlat odamlar unchalik ko‘p emasdi va ularning hammasi otning qashqasiday ma’lum edi. Lenin Dzerjinskiyga maktubida og‘zidan bol tomib tilga olgan o‘rtahol odamlar ko‘proq edi, ammo ular ham aholining umumiy sanog‘ida juda kam foizni tashkil qilardi. Shuning uchun ularni talash va mahv etish oson edi. Buning ustiga — tan olish kerak — ularni jamoatchilik deyarli qo‘llab-quvvatlamasdi, chunki hasad mafkurasi o‘z ishini qilib bo‘lgandi.

Ammo o‘n millionlab mayda mulkdorlar — mehnatkash sarrojlar, mo‘ynado‘z, ko‘nchi, etikdo‘z, mumchi, duradgor, shishasoz, tunukasoz, pechkachi, muqovasoz, zardo‘z, suratkash va boshqa kasbdagilar bor edi. Mamlakat aholisining katta qismini tashkil qiluvchi bu kosiblar o‘z hunari bilan tirikligini o‘tkazardilar. Ular haddan tashqari mehnatsevar edilar, o‘z ishlariga benihoya mohir edilar; ular shafqatsiz raqobat sharoitida uzoq yillar davomida uch-to‘rt tanga jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishgandi. Ularning hammasi komil ishonch bilan o‘zlarini mehnatkash deb hisoblar va bolsheviklar bizning nomimizdan ham ish yuritishyapti deb o‘ylashardi. Zavod ishchilari belgilangan vaqtlardagina ishlar edilar. Kosiblar esa, ulardan farq qilaroq, ertayu kech tinim bilmasdan mehnat qilishar va faqat bayram kunlaridagina hordiq olishga o‘zlariga izn berishardi. Axir, shular bo‘lmasa, kim mehnatkash ataladi? Ular ham shunday deb hisoblashgan. Ammo ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldi-ki, behuda umidlangan ekanlar. Ularni ipidan-ignasigacha shilib olmay turib, bolsheviklarning ko‘ngli joyiga tushmasdi. Rossiyada bunaqa mehnatkash deganning sanog‘i yo‘q — ularning hammasi birgalikda partiya g‘aznasini ancha to‘ldirishi turgan gap. Ularning hissasi hech bo‘lmaganda yirik burjuaziyadan va ziyolilardan talab olingan mablag‘ning yarmiga teng bo‘lishi mumkin edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:55:01
G’alati joyi shundaki, Lenin ayni ana shu mehnatkash mayda mulkdorlarni yirik kapitalistlardan ko‘ra ko‘proq yomon ko‘rgan. Buning boisi shundaki, «jahon proletariatining dohiysi» o‘zining jamiki hamtovoqlaridan mug‘ombirroq va aqlliroq bo‘lgani uchun tevaragidagilarga qaraganda ancha uzoqni ko‘ra olgan. Ular o‘zlariga topshirilgan vazifani, ya’ni Rossiyani ipidan-ignasigacha talash vazifasini bajarishgan va o‘zlarining aql bovar qilmaydigan o‘ljalari bilan birga bir zumda juftakni rostlashga tayyor turishgan. Ular butun g‘ayratlarini va «inqilobiy shijoatlari»ni ayni shu maqsadga qaratishgan. Lenin esa mamlakatdagi va dunyodagi ahvolni sinchiklab kuzatib borgani uchun hokimiyatni qo‘lida tutib qolish imkonini ko‘ra boshlagandi. Qo‘shma Shtatlar urushga qo‘shilgandan keyin kayzer Germaniyasining ahvoli kun sayin og‘irlashib bormoqda edi. Sharqiy front yo‘q ekaniga qaramay, Germaniya iqtisodiy va harbiy halokatga, binobarin, taslim bo‘lishga mahkum etilgandi. Bu esa o‘z navbatida Brest shartnomasi bekor bo‘lishini anglatardi. «Sovetlar Respublikasi» nemislarga qaramliqdan xalos bo‘lib, mutlaqo mustaqil va taqsiri noma’lum bir o‘lkaga aylanishi mumkin edi. Bu kunni tegishli tayyorlik bilan kutib olmoq kerak. Buning uchun faqat burjuaziya bilan ziyolilarni tugatishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu oson va qulay. Endigi vazifa murakkabroq bo‘ladi. Lekin ma’lumki, bolsheviklar uddasidan chiqmaydigan vazifa yo‘q.

«Sotsializmning bosh dushmani, - deydi Lenin, - mayda burjuaziya dunyosidir». So‘ng u davom etadi: «Mayda burjuylar bir necha minglab pullarni yashirib qo‘yganlar. Ular bu pullarni har xil «to‘g‘ri» va ayniqsa, «qing‘ir» yo‘llar bilan topishgan... Pul jamiyat boyligini olishga imkon beradigan hujjatdir. Shuning uchun ko‘p millionli mayda mulqdorlar qatlami bu hujjatni juda ehtiyot qilib saqlaydi, hech qanaqa kommunizmu sotsializmga ishonmagani uchun pulini davlatdan yashiradi. Minglarcha so‘mini avaylab-asrovchi mayda burjua... dushmandir. U minglarcha so‘mini, albatta, o‘ziga sarflashni istaydi». Yo‘q, o‘zgalarning cho‘ntagidagi pullar Leninga tinchlik bermaydi. Albatta, bu pullarni birinchi navbatda tortib olish zarur. Lekin gap faqat puldagina emas. Axir mayda mulkdorlar (ularga dehqonlar ham kiradi) — ulkan bir mamlakatning o‘zicha faoliyat ko‘rsatadigan aholisidir. O’zicha faoliyat ko‘rsatadi degani mustaqil degani hamdir. «Jahon proletariati dohiysi»ning olisni ko‘zlab belgilagan vazifasiga ko‘ra esa, ularni talashning o‘zi kifoya emas, balki mustaqillikdan mahrum ham qilish kerak. Shunda ular Leninning xohishlarini so‘zsiz bajaruvchi mute qullarga aylanadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:55:42
Lenin zarracha xijolat tortmay, o‘z hamtovoqlariga bu ulug‘vor vazifani qanday bajarish kerakligi haqida ta’lim beradi:

«G’alla monopoliyasi, non kartochkasi, yalpi mehnat majburiyati proletar davlatining qo‘lida, to‘la huquqli sovetlar qo‘lida hisob-kitob va nazoratning juda qudratli qurolidir... Mehnatga majbur qilish va nazoratning bu vositasi konventning qonunlariyu gilotinasidan zo‘rroqdir. Gilotina faqat qo‘rqitardi, faol qarshilikni sindirardi, xolos. BU BIZGA KIFOYA QILMAYDI. Biz kapitalistlarni qo‘rqitib qo‘ymog‘imiz kerak, toki ular proletar davlatining qudratini bilib qo‘yishsin va unga faol qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirishmasin Shu bilan birga biz ularning passiv qarshiliklariii ham sindirmog‘imiz lozim, negaki bu yanada xavfliroq va zararlidir. Biz nafaqat har qanday qarshiliklarni sindiramiz. Biz ularni yangi tashkiliy davlat muassasalarida ishlashga majbur qilamiz. Buning uchun qo‘limizda vositamiz bor... Bu vosita — g‘alla monopoliyasi, non kartochkasi, yalpi mehnat majburiyatidir».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:56:18
Bundan ochiqroq aytib bo‘lmaydi. Agar hokimiyatni qo‘lda tutib qolishga muvaffaq bo‘linsa (va hokimiyatni qo‘lda tutib qolish uchun ham), mamlakatning hamma boyligini qo‘lga olish kerak (allaqachon qo‘lga olinyapti ham), hamma g‘allani, hamma oziq-ovqat mahsulotini, hamma turar joylarni, xullas, odamlarning tirikligi nimaga bog‘liq bo‘lsa, shularning barini qo‘lga olish kerak. So‘ngra ularni shunday taqsimlash kerakki, sillasi qurigan va ochlikdan ko‘p xo‘rliklar ko‘rgan odam bor-yo‘g‘i non kartochkasi uchun bajonudil mehnat kiladigan va umuman, buyurilgan har qanday ishni bajaradigan bo‘lsin. Juda oddiy va dohiyona! To‘g‘ri, hali ba’zi jihatlari sal qorong‘iroq - masalan, bu ajoyib aqida kimga tatbiq qilinadi? Kapitalist, burjuy, quloq degan tushunchalar bir oz mujmalroq. Hatto Leninning o‘zi ham hammaga yorliq osaverib chalkashib ketdi, endi esa bu tushunchalarning chegarasini daromad, maosh, umumiy ahvolga nisbatan aniq belgilay olmay qoldi. Endi esa «boy sinflar» tushunchasi chegarasini oyiga 100 so‘mgacha daromad qiladiganlar bilan belgilab o‘tiribdi. Shunday bo‘lsa ham, birinchi navbatda kimni tunash va kimga zo‘rlik ishlatish masalasida hech kimda hech qanday shubha uyg‘onmasligi uchun Lenin sira ikkilanmay shunday izoh beradi:

«Badavlat odamlarga qo‘llanadigan majburiy mehnat printsipidan hokimiyat asta-sekin bu printsipni ko‘pchilik ishchi-dehqon mehnatkashlariga nisbatan qo‘llashga o‘tmog‘i kerak, to‘g‘rirog‘i, muayyan printsiplarni (non kar-tochkasi, majburiy mehnat va majbur qilish) ma’lum tartibda qo‘llamog‘i zarur. Sovet rahbarlarining saylab qo‘yilgan yoxud tayinlangan, diktatorlik vakolatlariga ega bo‘lgan diktatorlarning farmoyishlariga so‘zsiz bo‘ysunishlariga erishmoq kerak».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:57:21
Markazqo‘m a’zolari qo‘rquvdan ranglari bo‘zardi. Bu endi sinfiy kurash emas, butun xalqqa qarshi e’lon qilingan urush edi. Birinchidan, bu juda xatarli, ikkinchidan esa... «Axir, Rossiyadan nima qoladi? - deb dahshat ichida ming‘irlaydi sadoqatli Bonch-Bruevich. - Buning oqibatida ming yildan beri yashab kelgan Rossiya butunlay mahv bo‘ladi-ku?!.»

Lenin keskin harakat bilan katta barmoqlarini nimchasi ichiga tiqib, ko‘zlarini qisadida, Xalq Komissarlari Sovetining Ish boshqaruvchisiga yomon tikiladi.

Qolganlarning dami ichida, «Esingizda bo‘lsin, azizim, - deydi Lenin Bonch-Bruevichga murojaat qilib, lekin hamma eshitadigan baland ohangda. - Esingizda bo‘lsin, Rossiyaga tupuraman. Chunki men - bolshevikman!» Leninning bu sevimli iborasi uning sheriklari uchun shior bo‘lib qoldi. Ular bu iborani o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa takrorlashni yaxshi ko‘rishardi. Nihoyat, vaqti soati kelib Iosif Vissarionovich ularning ovozini o‘chirdi, chunki Leninning bu dahshatli iborasi «bir mamlakatda sotsializm qurish» mumkinligi haqidagi Stalinning «kufrona» nazariyasiga to‘g‘ri kelmas edi. Shunday qilib, urush e’lon qilindi. O’nlab yillar davomida izga tushgan hamma narsa bir zumda vayron bo‘ldi — shaharlar infrastrukturasi buzildi, savdoning hamma turlari o‘ldi, xizmat ko‘rsatish sohalari dabdala qilindi. Qochishga ulgurolmagan uy egalari va mehmonxonalarning xo‘jayinlari yo o‘ldirildi, yo qamoqqa olindi, yoki omadi chopganlari ko‘chaga uloqtiril-di. Bir zamonlar butun Ovrupoga mashhur bo‘lgan magazinlar va restoranlar, birinchi darajali mehmonxonalar, klublarning vitrinalari sindiriddi, yo faner bilan qoplandi. Nafaqat ular, kichik do‘konchalar, yo‘l bo‘ylaridagi yotoqxonalar, karvonsaroylar, ustaxonalar, yemakxonalar ijaraga qo‘yiladigan xonalar ham yopilib qoldi. Tabiiyki, bir lahzaning ichida sotuvda hamma narsa g‘oyib bo‘ldi, birinchi navbatda, non yo‘q bo‘ldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:58:01
«Burjuaziyani bostirish nima degani? - deb tushuntirdi Lenin! - Pomeshchikni bostirish va mahv etish uchun uni yerdan mahrum qilib, yerini dehqonlarga bersang kifoya. Ammo yirik sarmoyani tugatish bilan burjuaziyani bostirish va yo‘q qilish mumkinmi? Marksizmdan salgina xabardor har qanday odam biladiki, bunday yo‘l bilan burjuaziyani bostirib bo‘lmaydi, chunki burjuaziya tovar ishlab chiqarishdan tug‘iladi; tovar ishlab chiqarish sharoitidagi dehqonni olib ko‘raylik — uning yuz pud ortiqcha g‘allasi bo‘lsa, u bu g‘allani davlatga topshirmay, chayqovda sotsa — kim bo‘ladi u? Burjuaziya degani shu emasmi?.. Ana shunisi dahshatli! Sotsial inqilob uchun eng xatarli joyi ana shunda». Va albattaki, mamlakatdagi butun savdo tizimini mahv etgan bolsheviklar har qanday oziq-ovqat mahsulotlari sotishni chayqovchilik deb e’lon qildilar. (Xo‘b ajoyib so‘z topilgan edi-da! Bu so‘z 74 yil mobaynida kommunizm sari muzaffarona odim otib keddi, mana, endilikda u tuzum o‘lib ketdi, ammo bu so‘z yashamoqda, aftidan, chayqovchilik bizning mamlakatimizda mangulik kasb etgan ko‘rinadi.)

1917 yilning 10 dekabridayoq chayqovchilar xalq dushmanlari deb e’lon qilinadilar, uch oy o‘tgandan keyin esa Lenin imzolagan dekretda aniq ko‘rsatma beriladi: «chayqovchilar... jinoyat qilgan joylarining o‘zida otib tashlanadi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 14 Fevral 2011, 12:58:49
Uylarda, devorlarda, simyog‘ochlarda - hamma joylarda buyruqlar paydo bo‘ldi: «Kimda-kim chayqov, oldi-sotdi masalasida sovet hokimiyati tomonidan nashr qilingan mavjud qonunlarga chap berishni o‘ylasa, uning molu mulki musodara qilinadi, o‘zi otiladi...»

Mashhur adiba Zinaida Gippiusning mohir qalami o‘sha dahshatli davrning yuraklarni orziqtiruvchi haqiqatini bizga shunday yetkazadi:

«... son-sanoqsiz (ba’zan bir-biriga zid va chalkash, lekin hamisha tahdidli) dekretlar bilan hamma narsa «milliylashtirildi» — bolsheviklashtirildi. Hamma narsa «davlatniki» (bolsheviklarniki) deb hisoblanardi. Ba’zi bir qolgan-qutgan zavodlar va fabrikalarni aytmaganda, hamma do‘konlar, hamma magazinlar, hamma korxonalar, ko‘chmas mulklar, deyarli hamma (yirik) ko‘chuvchi mulklar — bari davlat tasarrufiga o‘tkazilgan va davlat mulki deb hisoblanardi. Dekretlarning hammasi shu g‘oyani amalga oshirishga yo‘naltirilgan edi. G’oyaning amalga oshishi silliq kechgan deb aytish qiyin. Sirasini aytganda, bularning bari hamma narsani qo‘lga olish ishtiyoqidan boshqa narsa emas edi. Va ko‘pincha bularning bari vayronalik va xunrezlik bilan, tortib olingan narsaning mahv etilishi bilan tugar edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 11:57:21
Musodara etilgan magazinlar, korxonalar va zavodlar yopilib qoladi; xususiy savdoning tugatilishi umuman, har qanday savdoning to‘xtashiga olib keldi, hamma magazinlar yopildi, yashirincha savdo qilish, chayqovchilik va o‘g‘rilik avj oldi. Bolsheviklar xohlasa-xohlamasa bunga panja orasidan qarashga majbur edilar va ahyon-ahyondagina ko‘chalarda, xususiy binolarda, bozorlarda oldi-sotdi bilan shug‘ullanayotganlarni bosib, jazoga tortar edilar. Bozorlar deyarli hamma uchun yagona tiriklik manbai bo‘lib, u ham boshdan-oyoq xufiya tarzda ish tutardi. Ba’zan terrorchi otryadlar bozorga hujum qilar, tars-turs o‘q otib, odamlarni o‘ldirar va sotilayotgan oziq-ovqatlarni otryad foydasiga musodara qilar edi. Dastavval oziq-ovqat tortib olinardi, ammo bozorda yo‘q narsa bo‘lmasdi. Shuning uchun boshqa narsalar ham — eshiklarning tutqichimi, bronza shamdonlarmi, qadimgi duxoba muqovali injilmi — tortib olinaverardi... Mebel xam davlat mulki hisoblanardi. Ammo divanni etaging tagiga yashirib sotolmaysan, shuning uchun odamlar charmini qirqib olib, uni biron yegulik narsaga almashtirish payidan bo‘lishardi... «Qizil askarlar kelyapti!» - degan xitobni eshitish bilan savdo qilayotganlar baqirib-chaqirib to‘rt tomonga tiraqaylab qochishini bir ko‘rsangiz edi! Lash-lushini ko‘kragiga bosib olgan odamlar jon-jahdlari bilan yugurar, bir-birini turtkilar, egasiz yerto‘lalarga suqilib olishar, siniq derazalardan oshib ichkari kirishardi... Xaridorlar ham shunaqa joylarda boshpana topishga intilishardi, chunki Sovdepiyada bir narsani xarid qilish ham uni sotishdan kam jinoyat emas deb hisoblanardi. Holbuki, Zinovevning o‘zi yaxshi bilardiki, bu «jinoyat» bo‘lmasa, Sovdepiyada fuqaro qolmas, uning umri esa 10 kunga borib-bormay tugab bitardi.

Rossiyada hozir juda arzimagan bir guruh odamlar hukmbardorlik qilmoqda. Aholining qolgan qismi va ayniqsa, savodli odamlarning ko‘pchiligi ularga salbiy qaraydi, hatto, dushmanlik bilan munosabatda bo‘lmoqtsa. Chinakamiga begona bir yurtni bosib olganday taassurot qoladi.

Latish, nemis, avstriya, vengr va xitoy polklari bu taassurotni yanada to‘ldiradi. Bolsheviklarning shaxsiy soqchilari latishlar va mo‘g‘ullardan tarkib topgan. Xitoylar qo‘lga tushgan mahbuslarni otib tashlashadi. («Mahkumlar»ni deb yozvorishimga sal qoldi, biroq mahkumlar yo‘q, chunki qamoqqa olinganlar ustidan sud bo‘lmaydi. Ularni shundoq otib tashlayverishadi)... Mo‘g‘ul istilosidan nima farqi bor buning?»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 11:58:28
Bosib olingan shaharlardagi ahvol shunaqa edi. Ammo Rossiya qishloq mamlakati — aholining ko‘pchilik qismi Rossiyani to‘yg‘izadigan million-million dehqonlar. Ular ham talanmasligi va yanchib tashlanmasligi mumkin emasdi. Negaki, ularning ham ozmi-ko‘pmi yig‘ib qo‘ygan tillalari bor edi. Ma’lumki, «tilla» deganda Ilichning  jini qo‘ziyveradi, tinchini yo‘qotadi. Lekin dehqonlar tilladan ham qimmatliroq boylikka ega — ularning g‘allasi bor. G’allaga egalik qilmasa «jahon proletariatining dohiysi» nima qilishini bilmay qolardi. Garchi u davrda hokimiyatni qo‘dda saqlab qolish imkoniyati ancha shubhali ko‘rinsa-da, aholining shuncha katta qismini talamay qoldirish ham aqlga sig‘masdi.

Lenindan taralgan ommaviy tentaklik g‘ayrati eng ma’qul yo‘lni topishga yordam berdi. «Bizning eng muhim vazifamiz, — deb e’lon qiladi dohiy, - avval dehqonlarni pomeshchiklarga qarshi qayrab solish, keyin esa, hatto, keyin ham emas, balki o‘sha vaqtning o‘zida ishchilarni dehqonlarga qarshi qayrab solishdir».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 11:59:05
Ammo vazifa aholining turli toifalarini bir-biri bilan urishtirib qo‘yishdan iborat emas edi. Bu bolsheviklar tilida «sinfiy kurash» deb atalardi. Vazifa vasvasa ichida shu kurashda ishtirok etuvchi tomonlarning hammasini ipidan ignasigacha ship-shiydam tunash edi. Qanaqasiga aylantirmang, masala ochiqchasiga ko‘ndalang qo‘yilgan edi: dehqonni g‘alla sotish huquqidan mahrum qilish kerak va tabiiyki, bir tiyin ham to‘lamasdan davlat nomidan bu g‘allani egallab olish zarur. Buni faqat bir yo‘l bilan — kuch ishlatib amalga oshirish mumkin, chunki dehqon g‘allasini shundoqqina tep-tekinga berib qo‘yishiga hech kim ishonmas edi. Shuning uchun tezlik bilan oziq-ovqat otryadlari tuza boshladilar. Bu otryadlar qishloq aholisining qo‘lidagi g‘allani tortib olishi kerak edi, tabiiyki, yo‘l-yo‘lakay boshqa boyliklar ham e’tiborsiz qoldirilmasdi. Ammo qishloq joylarida ish shaharlardagidek silliq ko‘chmadi. Dehqonlar darhol qatgiq qarshilik ko‘rsata boshladilar. Markaziy Rossiyadagi 20 ta rayonning o‘zida 1918 yilda dehqonlarning 245 ta yirik g‘alayoni bo‘ldi. Qishloqlarda haqiqiy janglar ro‘y berdi. Lenin rejasining mohiyati har qanday qilib bo‘lsada «g‘alla monopoliyasi»ni ta’minlash edi, chunki bu monopoliyasiz ulkan mamlakatning ikki yuz millionli aholisini qullarga aylantirib bo‘lmasdi.

«Biron pud g‘alla ham, — deb ko‘rsatma beradi dohiy, — egalarining qo‘lida qolmasligi kerak. Ortiqcha g‘allaga ega bo‘lgan va uni belgilangan omborlarga olib borib topshirmaganlarni xalq dushmani deb e’lon qilish kerak, ularni inqilobiy sudga berish zarur. Sud esa ularni 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga qamoqqa hukm qilmog‘i kerak. Ular jamoadan butunlay haydab chiqarilsinlar, molu mulklari esa to‘laligicha musodara qilinsin...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 11:59:45
Ammo «10 yildan kam bo‘lmagan muddatga qamoq» va hamma molu mulkini musodara qilish — faqat debocha edi, xolos. Bir necha muddat o‘tgach, yalpi talonlarga qarshilik ko‘rsatilayotganidan qattiq g‘azablangan Lenin o‘ngu so‘liga quyidagi mazmunda buyruqlar bera boshlaydi: «... Juda ajoyib reja! Uni o‘rtoq Dzerjinskiy bilan birga qiyomiga yetkazing. O’zingizni «yaxshilar» qiyofasida ko‘rsating (keyinchalik biz hammasini ularga to‘nkaymiz). Otda 10-20 chaqirim o‘tib boring-da, hamma quloqlarni, ruhoniylarni, pomeshchiklarni osing. Har bir dorga tortilgan odam uchun mukofot - 100000 so‘m».

Qishloqlardagi bosqin shahardagidan dahshatliroq edi. Dehqonlarning uylarida tintuvlar o‘tkazildi. G’alla bilan birga jo‘ngina dehqon kulbalaridan topilgan har qanday qimmatbaho narsalar musodara qilindi. Pullar-ku, albatta, tortib olinardi, ammo ular bilan birga ayollarning tilla suvi yugurtirilgan taqinchoqlari ham, o‘z vaqtida uezd yarmarkasidan xarid qilingan mayda-chuydalar ham olib qo‘yilardi. G’alla, odatda, uezd markazidan nariga olib ketilmasdi, u yerga olib borib, to‘g‘ri kelganicha omborga to‘kilardi va shu yerda chirib, nobud bo‘lardi. G’azab o‘tida yongan dehqonlar panshaxa va so‘yillar bilan pulemyotlarga qarshi tik borishardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:00:14
«Tog‘-tog‘ murdalarga qaramasdan, — deb xabar qiladi Moskvaga ijrochilardan biri, — ularning qahru g‘azabini tasvirlashga qalam ojiz». Ko‘pgina oziq-ovqat otryadlari qishloqqa yetib bormay, yo‘ldayoq qirib tashlangan. Bunday hollarda qishloqqa jazo otryadlari yuborilgan. Ular o‘n besh-yigirma dehqonni otib tashlab, qolganlarini qamoqqa olgan va shaharga haydab ketgan. Keyin yangi otryad kelgan, ammo uni ham kelgan kuniyoq qirib tashlashgan. Yana yangi jazo otryadi yetib kelgan va hamma narsa boshidan boshlangan. Shu tarzda bu hodisa dahshatli xalq urushi tusiga kira borgan.

1918 yilning yozida Lenin dehqonlarning qarshiligini bostirish uchun qishloqlardan garovga odam olishni taklif qilgan. U, asosan, ayollar va bolalarni garovga olish kerakligini aytgan. «Badavlat dehqonlar orasidan 25-30 tasini garovga olish kerak, - deya ilhom bilan ko‘rsatma bergandi Ilich o‘zining bezorilariga. - Ular g‘allani yig‘ish va jo‘natish uchun o‘z hayotlari bilan javob bersin». Holbuki, hali «qizil terror» e’lon qilingani yo‘q edi. Ammo rus dehqonlari o‘zlarini shaharlardagi burjuaziya va ziyolilardek nochor his qilgani yo‘q. Bunaqa yo‘llar bilan qishloqni bo‘ysundirib bo‘lmas edi. Bu jazolarga dehqonlarning bergan birinchi va mutlaqo tabiiy javobi shu bo‘ldiki, ular ekin ekishni butunlay yig‘ishtirib qo‘ydilar. Sodda rus dehqonlari bunday qilinsa, hukmdor bezorilarga qo‘l kelishini xayollariga ham keltirmagan edilar. Mamlakatda sun’iy ravishda ochlik uyushtirildi, buning uchun ayb dehqonlarga to‘nkaldi, keyin «g‘alamis»lardan o‘n— o‘n besh millioni qirib tashlandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:01:07
Nemis nayzalari panohi ostida davlat tepasiga kelgan Lenin mazkur hududda nima ishlar qilish borasida aniq-ravshan ko‘rsatmalar olgan edi: o‘zlariga bino qo‘ygan nemislar bolsheviklarning qancha muddat hukmronlik qilishi o‘z qo‘limizda deb o‘ylardilar. Shu hukmdorlik davrida ular bir qator tadbirlarni amalga oshirmog‘i kerak. Buning oqibatida quloq eshitib, ko‘z ko‘rmagan darajada talon-toroj qilingan Rossiya butunlay holdan toyib, ulug‘ imperiya sifatida jon taslim qiladi. Shu tarzda Germaniya reyxiga tahdid soluvchi bir davlat g‘oyib bo‘ladi. Nemislar ham, bolsheviklar ham o‘zlarining o‘yinlarini o‘ynashgan. Ammo ular o‘zaro kelishib, o‘zaro hamkorlikda o‘ynaganlar.

Yaroslavl gubernasida dehqonlarning birinchi yirik isyoni bostirilgandan keyin bir mo’‘jiza bilan omon qolgan dehqonlar nemislarga taslim bo‘lishdi — o‘sha kezlarda «Sovet Rossiyasi»ning hamma gubernalarida nemis komendaturalari bor edi. Bu komendaturalar Brest shartnomasining maxfiy qaydnomalariga asosan tuzilgan edi. Yaroslavl gubernasidagi nemis komissiyasining raisi nemis leytenanti Balk 1918 yil 21 iyul kuni chiqarilgan buyrug‘ida (4-son) Yaroslavl shahrining grajdan aholisiga Shimoliy ko‘ngilli dehqon armiyasining otryadi German komissiyasiga taslim bo‘lganini e’lon qiladi. Taslim bo‘lganlar bolsheviklar hukumatiga topshiriladi. Topshirilgan 428 kishining hammasi o‘sha zahotiyoq nemislarning ko‘z o‘ngida otib tashlanadi. Leytenant Balk o‘z komendaturasi orqali o‘tgan, bolsheviklarga qaytarib berilgan va otib tashlangan odam-larni sof nemislarga xos sinchkovlik bilan hisobini olib borgan. Shu hisob-kitobi asosida u o‘z qo‘mondonligiga ma’lumotnomalar yuborib, bolsheviklar Germaniya qarshisida zimmalariga olgan hamma majburiyatlarini og‘ishmay bajarayotganlarini xabar qilib turgan. Komissiya (komendatura) Yaroslavl gubernasidan ko‘chirib yuborilgan vaqtga kelib leytenant Balkning hisob-kitobida 1918 yil martidan noyabrigacha otib tashlangan 50247 kishi qayd qilingan edi. Sho‘ring qurg‘ur dehqonlar - kelib-kelib nemis qo‘mondonligidan panoh izlaydimi?!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:01:35
Urush borgan sari avj olaverdi — uning o‘z qonun-qoidalari bor edi. Musodarachi otryadlar uezd shaharlariga joylashib olib va baynalmilal garnizonlarga tayanib, qishloqlar ustiga ochiqdan-ochiq bosqinchilik yurishlarini uyushtirar va dehqonlarni ko‘ngillariga siqqanicha talab, o‘ldirar edilar. G’alla yonar, qishloqlar kul bo‘lar, odamlar qirilardi. Bunga javoban dehqonlar mudofaa qo‘mitalari tuzishar, musodarachi otryadlarni qirib tashlashar, ko‘pincha uezd shaharlarini bosib olishar va o‘z navbatida ularni talab, mal’un hokimiyatning hamma vakillarini Pugachevu Razin zamonlaridagidek shafqatsizlik bilan qirib tashlashardi-Ikkala tomon ham qatl qilishda o‘rta asrlarga xos usullarni qo‘llashardi - tiriklay yondirishar, qoziqqa o‘tqazishar, ikki oyog‘idan ikki daraxtga bog‘lab, chotidan yirib tashlashardi. Leninga xush yoqadigan fuqarolar urushi avj oldi. Rossiya esa shitob bilan vahshiylik zulmatiga cho‘ma boshladi. Sirasini aytganda, Ulyanov 1917 yilning martida Germaniya orqali kelayotganida ayni shuni va’da qilgan edi. «Proletar» matbuoti isyonchi dehqonlardan tortib olingan uezd shaharlaridan mahobat bilan reportajlar berdi. «Pravda»ning muxbiri Livnada dehqonlar isyonining tor-mor qilinishi haqida shunday xabar beradi: «Shahar nisbatan kam talafot ko‘rdi. Hozir shahar ko‘chalaridan murdalar va yaradorlarni yig‘ib olishyapti. Keyinroq yetib kelgan madadchilar orasida yo‘qotishlar nisbatan kam. Faqat shavkatli baynalmilalchilargina og‘ir talafotlarga uchradilar. Lekin o‘zlari ham quloqlarning murdalarini tog‘dek uyib tashladilar -shahar ko‘chalari ularga to‘lib ketdi».

Rossiyaning ichki gubernalariga, hatto, mo‘g‘ul istilolari vaqtida ham dushmanning qadami yetib bormagan edi. Xo‘sh, shu ichki gubernalarni qilichdan o‘tkazgan, unga o‘t qo‘ygan, Rossiyaning boy g‘allakor maskanlarini kultepalarga, huvillagan sahroga aylantirgan «shavkatli baynalmilalchilar» kimlar?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:03:30
Ularni barpo etish tarixi mana bunday: 1917 yilning mart oyidayoq Leninni va uning sheriklarini Rossiyaga Germaniya orqali o‘tkazib yuborish masalasi hal qilinayotganda va bo‘lg‘usi Brest shartnomasining dastlabki shartlari kelishib olinayotganda, german qo‘mondonligi bolsheviklarga qo‘poruvchilik faoliyatlari uchun zarur mikdorda pul ajratish bilan bir qatorda, hokimiyat qo‘lga kiritilgan taqdirda ularga darhol harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida ham qaror qabul qiladi. Shu maqsadda 1917 yilning aprelida soxta shved pasporti bilan Petrogradga german Bosh shtabining polkovnigi Genrix fon Ruppert keladi. U nemys va avstriya harbiy asirlariga bolsheviklarga qurolli yordam ko‘rsatish to‘g‘risida maxfiy buyruq olib keladi. Asirlarni qurol bilan bolsheviklar ta’minlamog‘i kerak edi. Germaniya va Avstro-Vengriya Bosh shtablarining boshliklari tomonidan imzolangan bu buyruqlarni amerikaliklar Ikkinchi jahon urushidan keyin nemis arxivlaridan topishgan edi. Bu hujjatlar KPSS Markazqo‘m arxivlaridan ham topilsa, ajab emas.

Petrograd yaqinida nemis va avstriya harbiy asirlarining bir nechta lagerlari joylashgan edi. Masalan, Koltushi qishlog‘ining yonida, Katta Oxta bilan shundoqqina yonma-yon imperator Vilgelmning Z-Kirasir polki deyarli to‘la tarkibda lager qurgan edi. O’z vaqtida bu polk general Rennenkamf kazaklari tomonidan asirga olingan edi. Ularga yaqin joyda 142-Brandenburg polki joylashgandi. Garchi hech qanday qiyinchilik tug‘dirmasa-da, harbiy asirlar lagerlaridagi nemis va Avstro-Vengriya harbiy qismlarini sanab chiqish uncha shart emas. Muvaqqat hukumat barpo etgan demokratik boshboshdoqlik tufayli harbiy asirlarni yaqin kelajakdagi vazifalari bilan bemalol tanishtirishga va bu ishlarga ularni yaxshilab tayyorlashga muvaffaq bo‘lindi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:04:05
Hamma narsa mayda-chuydasigacha puxta o‘ylangan edi. Hatto, nemislar rus beshotarlari, naganlari va boshqa qurollari bilan tanish emasligi ham e’tibordan chetda qolmadi. Shu munosabat bilan ruslarning «Lochin» degan soqchi kemasi Fridrixsxafenga borib, u yerdan 12000 nemis miltiqlari va millionlab o‘qlarni roppa-rosa 25 oktyabrga yetkazib olib keldi. Shuning uchun bu kema «Ulug‘ Oktyabr kemalari» ro‘yxatiga mangulikka yozib qo‘yildi. Bundan tashqari, «Lochin» o‘zidan ikki baravar katta bir solni shatakka olib keldi. Eng halol sovet tarixchilari bu solda nima olib kelingani noma’lumligini e’tirof etishadi. Boshqa tarixchilar uni tilga olmay qo‘ya qoladilar, uchinchi toifa olimlar esa bu solda «inqilobiy matroslar desanti» keltirilgan deyishadi. Bu matroslar Fridrixsxafenga qayoqdan borib qolgan? Holbuki, hozir «Lochin» miltiqlardan tashqari Petrogradga nemis zambaraklarini olib kelgani unchalik sir bo‘lmay qoldi. Agar bironta odam hamon anoyilik qilib, Petrograddek katta shahar Kronshtadtdan «Amur» kemasida kelgan ikki mingtagina matros bilan nazorat ostiga olingan deb o‘ylashda davom etayotgan bo‘lsa, yoki harb ishlaridan mutlaqo bexabar bo‘lgan ishchi oliylari shaharni zabt eta oladi deb hisoblayotgan bo‘lsa, u bilan munozara qilib o‘tirmaylik. Bugun shu narsa ham ravshan bo‘lyaptiki, o‘sha ishchi oliylari to‘ntarishni dushmanlik kayfiyati bilan qarshi olgan ekan.

Ha, garnizon to‘laligicha noqobil bir ahvolga kelib. tartibni himoya qiluvchi organlar butunlay izdan chiqqan bo‘lsa, bunday hodisa nazariy jihatdan yuz berishi mumkin. Lekin shunday taqtsirda ham bolsheviklar hokimiyati bir kundan ortiq yashayolmas edi, chunki to‘ntarishning ertasigayoq general Krasnovning suvoriylari shaharga yaqinlasha boshladi. Krasnov kazaklari to‘plardan ikki marta o‘q uzib, Pavlovsk va Sarskoe Selodagi «qizil gvardiyachilar»ni tirqiratib yuborgach, Pulkovo adirlari tomonidan poytaxtga siljiy boshladilar. Oldinda harakat qilayotgan O’rol kazaklarining ilg‘orlari dabdurustdan adirlarni egallashga urinib ko‘rdilar, ammo juda yaxshi uyushtirilgan va ustalik bilan boshqarilayotgan zambaraklar zarbasiga duch kelib, chekinishga majbur bo‘ldilar. Urush olovlarida toblangan kazak ofitserlari adirlarda mudofaa marralarini kimlar egallaganini bir zumdayoq bilib oldi. Nemislar! Ularga ishonmagan general Krasnov shaxsan qo‘riqchi-kuzatish marrasiga bordi. Shubhaga o‘rin yo‘q edi. Nemis piyodalari bilan zambaraklari «inqilobiy» Petrograd yo‘lini to‘sib turardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:04:45
Nemis va avstriya soldatlari hech qiynalmasdan Petrograddagi harbiy bilim yurtlari isyonini zo‘r mamnuniyat bilan bostirishdi. Ular sho‘rlik rus yigitchalarini zambarakka tutib, nayzalar bilan ilma-teshik qilishgandi. Har tomonga tomir otgan vayronalik va loqaydlik sharoitida bilim yurti talabalarining ashaddiy istibdodga qarshi mardona chiqishlarini hech kim qo‘llab-quvvatlamadi.

Lenin 29 oktyabr kuni nemis batalonlarini ko‘rikdan o‘tkazmoqchi bo‘ladi. «Jahon proletariati dohiysi»ning rejasiga ko‘ra «baynalmilal»chilar Smolniyning zinapoyalarida turgan Lenin va «ishchi-dehqon» hukumatining boshqa a’zolari oddidan shaxdam qadam bilan o‘tishi kerak edi. Dohiylarning oldidan o‘tayotgan kechagi harbiy asirlar «Yashasin jahon inqilobi!» deb xitob qilishlari shart edi. Albatta, nemis tilida. Dohiyning o‘zi ham, uning tevaragidagilar ham bu tilni juda yaxshi, hatto, rus tilidan yaxshiroq bilishardi. Ammo ishning pachavasi chiqdi. Qaddi-qomatlari kelishgan, nemis askarlarigagina xos shaxdam qadam tashlagan jangchilar inqilob dohiylari yonidan o‘tib borar ekanlar, bir ovozdan: «Yashasin kayzer Vilgelm!» deb hayqirdilar. Bundan Lenin qattiq tahqirlandi. Nemislar bu bilan sodir bo‘layotgan voqealarni mutlaqo to‘g‘ri tushunayotganlarini namoyish qilgan edilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:05:44
Oradan ko‘p o‘tmay tuzilgan Brest shartnomasida harbiy asirlarni repatriatsiya qilish ko‘zda tutilgan edi, biroq undan keyin general fon Lyudendorfning maxfiy buyrug‘i chiqdi. Buyruqda nemis va avstriya harbiy asirlariga bolsheviklar hukumatini qo‘llab-quvvatlaydigan otryadlar tuzish tavsiya qilingan. Buyruq shunday tuzilganki, bunday otryadlarga soldatlar va ofitserlar go‘yo ko‘ngilli tarzda kirishi shart bo‘lgan. Biroq nemis armiyasidagi tartiblarni va «ko‘ngilli» qismlarni shakllantirish usullarini bilgan odam bu sharoitda, loaqal dastlabki davrlarida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq bilan ish qilinganiga shubhalanmaydi.

Yarashish va sulh tuzish bo‘yicha german missiyasining a’zolari general Gofman va yuqorida nomi zikr etilgan polkovnik Ruppert bir nechta lagerga tashrif buyurib, harbiy asirlarga vazifalarini tushuntirib berishdi. Fayerlandga xizmat qilish va ayni choqda begona hududda odamlarni talash imkoni ko‘plarning ko‘ngliga ilhom soldi va hamma harbiy tizimlar dabdala bo‘lib yotgan bir sharoitda bolsheviklar go‘yo biror sehrgarning fatvosi vojib bo‘lganday, juda yaxshi o‘rgatilgan va yaxshi uyushtirilgan armiyaga ega bo‘lib qoldi. Uning tarkibida uch yuz ming kishi bor edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:07:05
O’sha kezlarda bunaqa harbiy kuchga qarshi tura oladigan biror kuch yo‘q edi. U yillarda buni hech kim sir deb bilgan ham emas. Nemis askarlari va ofitserlari xizmatdan bo‘sh vaqtlarida Petrograd va Moskva bo‘ylab bemalol sayr qilib yurishgan, nemis ofitserlari uchun qimorxona ishlab turgan, gazetalar nashr etilgan. Hech kimda hech qanaqa shubha tug‘ilmasligi uchun nemis generali Kirxbax Pskovda hali man etilmagan «Rech» gazetasining muxbiriga intervyu berar ekan, «Nemis qo‘shinlari tomonidan Petrograd va Moskvaning ishg‘ol qilinishi mumkinmi?» degan savolga nemislarga xos cho‘rtkesarlik bilan: «Ha, agar bolsheviklar o‘rnatayotgan tuzumga xavf tug‘ilsa, ishg‘ol qilinadi», — deb javob bergan.

Shunday qilib, uch yuz mingta «baynalmilalchi-jangchi»  («Baynalmilal» deb atalmish qo‘shinlar, shaharlarda ommaviy qamashlar vaqtida, dehqonlarning isyonlari va ishchilarning chiqishlarini bostirish paytida o‘zini juda sadoqatli kuch sifatida ko‘rsatdi. Ulardan mashhur ChON, «To‘suvchi otryadlar», Qizil Armiyadan qochganlarni ushlovchi otryadlar, Chekaning maxsus otryadlari tuzilgan. «Mustaqil» mamlakat armiyasida shu qadar ko‘p miqdorda ajnabiylar mavjudligi bu «mustaqillik» qanaqa bo‘lganini ko‘rsatib turibdi) yo‘l-yo‘lakay mahalliy aholidan chiqqan har xil qalang‘i-qasang‘ilarni yoniga olib, Rossiya davlatini mahv etishni samarali ta’minladi. Son jihatidan ular nemis qo‘mondonligi Brest shartnomasi bo‘yicha o‘z tasarrufiga o‘tgan hududni nazorat qilib turish uchun ajratgan okkupatsion qo‘shinlardan ham ko‘p edi. Okkupatsion qo‘shinlar 280 ming kishidan iborat bo‘lib, 43 piyoda va yetti suvoriy diviziyadan tashkil topgan, 108 ta og‘ir zambarakka va 1614 mayda zambaraklarga ega edi. 2000 ga yaqin dengizchi sobiq rus flotini nazorat qilmog‘i kerak edi. Shartnomaga ko‘ra uning asosiy qismi nemislarga berilgan edi. Admiral Shatskiy flotni Gelsingforsdan Kronshtadtga olib ketdi va shu bilan Leninni o‘z xo‘jayinlari oldida mutlaqo ahmoqona ahvolga solib qo‘ydi. Shuning uchun uni otib tashladilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:34:59
Odessa va uning tevaragidagi rayonlarni general Bem-Ermolit qo‘mondonligi ostidagi 2-Sharqiy nemis-avstriya armiyasi egalladi. Bu armiyaning uchta korpusi okkupatsion shtablarini Odessaga, Xersonga va Kamenets-Podolskka joylashtirdi. Nemislarning «Kiev» degan armiyalar guruhi butun Ukrainani, Qrimni, Don qo‘shinlari viloyatini, Belorussiyaning janubiy qismini, Gruziyaning Qora dengiz sohilidagi rayonlarini qamrab oluvchi juda katta hududni ishg‘ol qildi. Bu armiyalar guruhi avval general Lizingen, keyin esa general-feldmarshal Eyxgorn qo‘mondonligi ostida edi. Keyinchalik Eyxgorn barcha nemis okkupatsion kuchlari ustidan qo‘mondon qilib tayinlandi, «Kiev» armiyalar guruhining oltita korpusi o‘zlarining okkupatsion shtablarini Gomel, Novgorod-Volinsk, Kiev, Xarkov, Taganrog va Simferopolga joyladi. Polesedan shimol tomonni «D» armiya guruhining 10-armiyasi va 8-armiyasi okkupatsiya qild; ularning shtablari Minsk, Dvinsk, Riga, Revel va Viborgda joylashgan edi. Shimoli-g‘arbiy yo‘nalishdagi nemis qo‘shinlariga atoqli general fon der Golts qo‘mondonlik qilgan. Avval u «temir grenaderlar» diviziyasining qo‘mondoni bo‘lgan. 1918 yilning 25 mayida nemislar Potiga uch ming kishilik desant tushirdilar, 10 iyunda esa german qo‘shinlari Tiflisga kirdi. Bir necha kun o‘ttach, 58-Berlin piyoda polki Kerch bo‘gozini kechib o‘tib, Tamanni ishg‘ol qildi. Allaqachon Sibir temir yo‘lini bosib olish va Xiva, Buxoro, Turkiston va Marvni «nemis manfaatlariga moslab maqsadga muvofiqroq tarzda qayta uyushtirish» rejalari tuzib chiqilgandi.

Nemis qo‘shinlariga Hindiston sari to‘g‘ri yo‘l ochildi. Bunaqa istiqbol odamni esankiratib, entiktirib qo‘yardi. Eng uchqur xayollar amalga oshayotganday, eng xufiyona orzular ro‘yobga chiqayotganday ko‘rinardi. Yangi olamshumul imperiya maydonga kelmoqda edi. Bunaqa imperiyani, hatto, Napoleon yetti uxlab, tushida ham ko‘rgan emas. Yana uning poytaxti Parij emas, Berlin ekanini aytmaysizmi? Ammo bolsheviklar berib qo‘ygan rayonlarning hammasini o‘zlashtirish uchun kuch yetishmasdi. G’arbiy front hamma zaxiralarni yamlab yutib bo‘lgan edi. Mavjud 280 ming kishilik harbiy xizmatchilar esa sira yetarli emasdi. Feldmarshal Eyxgornning shtabida bolsheviklar nazorati ostidagi hududlardan yuz minglab nemis soldatlarini qaytarib olib kelish istagi tez-tez qo‘zib turardi, chunki bu soldatlar kayzerona kaskalarini yechib, o‘rniga uslubiga ko‘ra «budyonnovka»ga o‘xshab ketadigan bir narsa kiyib olishgandi. Ular yana shuning uchun ham zarur edilarki, talon-toroj va musodara ishlarida ancha pishib qolgandilar. Ammo bu istakdan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Nemislar lenincha uslubda ishlashga jur’at qila olmadilar. Buning ustiga oliy qo‘mondonlik ham «baynalmilalchilar»dan foydalanishga ijozat bermadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:35:59
Bolshevikchasiga harakat qilishga jur’atlari yetmagan nemislar shunga qaramay o‘z usullari bilan ish olib bordilar. Bu usul bolsheviklarniki singari oshkora «qaroqchilik» usuli bo‘lmasa-da, yetarli darajada qat'iy, izchil va qattiqqo‘l edi. Faqat 1918 yilning 31 iyuliga qadar nemislar okkupatsiya qilingan viloyatlardan 60 million pud g‘alla va g‘alla mahsulotlari, yem va moyli o‘simliklarning urug‘i, 500 million dona tuxum, tirik vaznda 2 million 750 ming pud qoramol, bir yarim million pud kartoshka va sabzavot olib ketishdi. Bundan tashqari Angliya iskanjasida bo‘g‘ilib yotgan reyxga 3,5 million pud temir rudasi, 42 million pud marganets rudasi va har oyda 300 vagondan maxsus navdagi yog‘och jo‘natiddi. Hatto har xil latta-puttalar bilan temir-tersaklargacha olib ketildi. Olib ketiladigan boylik bor edi-da!

Nemis linkori «Geben» Sevastopolni o‘qqa tutib, shu bilan Turkiyaning Rossiyaga qarshi Germaniya tomonida urushga qo‘shilishiga bahona bo‘ldi. Bu esa Rossiyani ittifoqchilardan butkul ajratib qo‘ydi, chunki bo‘g‘ozlar yopilib qolgandi. Ruslarning tashqi savdosiga dahshatli zarba berilgan edi: rus eksporti 98 foiz, importi 95 foiz kamayib ketdi. Bu esa Rossiyaning harbiy jihatdan toliqib qolishi va oxir-oqibatda qonga botib, boshboshdoqlik ichida yemirilishiga asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Chetga olib ketilishi kerak bo‘lgan mahsulot uch yil davomida omborlarda qolib ketdi, keyin esa nemislar va bolsheviklar tomonidan bosib olindi. «Kema kompasi ixtiro qilingandan beri, - deb eslaydi Cherchill, — hali hech qachon bitta jangovar kemaning harakati 1914 yilning avgust-oktyabr oyidagi nemis kreyseri «Geben»ning harakatidek katta va dahshatli oqibatlarga olib kelmagan edi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:37:02
U yer-bu yerini ta’mirlab oladigan dokka va hatto, tuzukroq boshpana bo‘ladigan qo‘nalg‘aga ega bo‘lmagan shavkatli «Geben» butun urush yillarida ruslarning Qora dengiz flotini zir titratib turdi va go‘yo o‘zining tantanavor zafarini namoyish qilgandek, 1918 yilning yozida nemis qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Sevastopolga keldi. Kema butun urush davomida shu yerdagina birinchi marta dokda ta’mirlandi, chunki harbiy baza jamiki asbob-uskunasi bilan nemislarga gopshirilgan edi. Buni loaqal 1917 yilda hech kim tasavvur ham qila olmas edi.

Bolsheviklar bosib olgan hududdan ham Germaniyaga eshelon-eshelon poezdlar jo‘nab turdi. Petrograd portining qo‘nalg‘alariga nemis savdo kemalari, turli-tuman sirli shved va norveg paroxodlari, Daniya, AQSh va Argentinadan xususiy bayroqlar ostida allaqanday tushunib bo‘lmaydigan yukchi kemalar, Shveytsariyaning Qizil xoch jamiyatining bayrog‘ini tutgan soxta «gospital» kemalari kelib turardi. Port rayoni ChON tomonidan o‘rab olingandi. Kimda-kim ortiqcharoq qiziqib qolsa, o‘sha joyning o‘zida otib tashlanardi. Shimoliy dengizda o‘z bazalariga tiqib qo‘yilgan va inglizlardan qo‘rqqanlari uchun tumshuqlarini chiqarishga ham jur’at etmagan nemis floti Boltiq dengizida dorilomon harakat qilardi. Minalarga to‘lib-toshgan dengiz (urush yillarida har ikki tomon Boltiq dengiziga 120 ming dona mina qo‘ygan) juda xatarli edi, faqat haddan tashqari zarur bo‘lgandagina kema egalari Petrogradning chalajon portlariga o‘z kemalarini jo‘natardi. Shunday bo‘lsa-da, nemis floti bu yerdagi kemada yuk tashish ishlarini ta’minlab turdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:38:27
Dengizdagi ishlar chatoq bo‘lganiga yarasha temir yo‘llar uzluksiz ishlab turdi. Ular «Sovetlar va proletar diktaturasi» respublikasini Polsha, Belorussiya va Boltiqbo‘yining nemis qo‘shinlari ishg‘ol qilgan hududlari orqali Germaniya bilan bog‘lab turardi. Gelsingforsgacha va undan nari Skandinaviya mamlakatlarigacha shimoliy temir yo‘l tarmog‘i harakatda edi. Temir yo‘llarning uzluksiz harakat qilib turishini ta’minlash uchun nemislar bolsheviklarga 50 ming tonna ko‘mir yetkazib berishi kerak edi. 1918 yilning 18 aprelida kechqurun chegaradagi Orsha bekatida ikkita poezd uchrashdi: ularning biri Moskvaga yo‘l olgan — unda graf Mirbax boshchiligidagi nemis elchixonasining xodimlari bor edi. Ikkinchi poezd esa «ishchi-dehqon huqumatining muxbir vakillari»ni Berlinga olib ketmoqda edi. «Vakolatxona»ning tarkibi g‘alati edi. Uning boshlig‘i A. A. Ioffe degan odam bo‘lib, yumshoqroq qilib aytganda, u ko‘p ajabtovur edi. U 1883 yilda tug‘ilgan, 1900 yillarning boshida esa mashhur Parvusning ta’siriga tushib qolgandi. O’zining ulug‘ ustozidan ta’lim olgan A. A. Ioffe bir oddiy haqiqatni yaxshilab anglab oldi — u shundan iborat ediki, jahon inqilobini amalga oshirish uchun, avval, yetarli miqdorda pul yig‘ib olish kerak. Trotskiy, Uritskiy, Volodarskiy va Ganetskiy bilan birga Ioffe Leninning qoshidagi Parvus «gvardiya»sini tashkil qilardi. 1917 yilning oktyabriga qadar u nemislar bilan bevosita aloqani amalga oshirib turgan, keyin esa Brest-Litovskdagi sulh muzokaralarida «sovet» delegatsiyasiga rahbarlik qilgan. Va tabiiyki, ayni shu odam Berlinga jo‘natiddi. Buning ustiga Berlinda uni sevimli ustozi Parvus bilan uchrashuv kutardi.

Ular bilan birga «vakolatxona» tarkibida Ya. S. Ganetskiy ham bor edi. Lenin Krakovda «ezilib» yurgan kezlarida u «dohiy»ning o‘ng qo‘li bo‘lgandi. Ma’lumki, urushning birinchi kunlarida Krakovda Leninni rus josusi sifatida qamoqqa oladilar. Shunda Ganetskiy Berlinga yuguradi-yu, german poytaxtidagi va Venadagi hamma sotsial-demokratlarni oyoqqa turg‘izib, nafaqat Leninni qamoqdan ozod qilinishiga erishadi, balki uni shoshilinch poezdtsa Syurixga jo‘natishga ham muvaffaq bo‘ladi. 1915 yilda Parvus Ganetskiyni Stokgolmga chaqiradi - nemis razvedkasining Rossiyaga qarshi hamma qo‘poruvchilik ishlari shu yerdan boshqarilar edi. 1917 yilning martida, Lenin bilan Parvus o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Ganetskiy «Markazqo‘mning xorijiy byurosi» tarkibida vaqtincha Stokgolmda qoladi. Nemislardan olinadigan pul mablag‘larini uzluksiz ravishda Rossiyaga - bolsheviklarga jo‘natib turish uning zimmasiga yuklangandi. Parvusning yordamida Ganetskiy ajnabiy banklar bilan aloqalar o‘rnatadi. Oktyabr to‘ntarilishidan keyin u banklarning bosh komissari va Moliya xalq komissarligining kollegiya a’zosi qilib tayinlanadi, ya’ni talon-torojga boshchilik qilgan va hamma talangan narsalarni qabul qilib olgan muassasaning rahbariyatiga kiradi. Bu lavozimda u nazorat ostidagi hududda hisob-kitob ishlarini olib boradi («Sotsializm —  hamma narsani hisob-kitob qilishdir»).
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Fevral 2011, 12:40:52
Vakolatxonaning uchinchi a’zosi mashhur Krasin edi. Agar so‘nggi 75 yil mobaynida bu kishi haqida loaqal bir og‘iz rost gap yozilganida ham uni tanishtirib o‘tirishga hojat bo‘lmasdi. U iste’dodli muhandis bo‘lgan, ammo butun ruhiyati-yu malakasiga ko‘ra professional jinoyatchi edi. Shuning uchun beixtiyor bolsheviklarga talpingan. 1905 yil inqilobi paytida u Parvusning odamlari bilan birga Volga-Kama bankining Peterburg bo‘limini talashda ishtirok etgan va o‘ljaning anchagina qismini urib qolgandi. Bu ishi Parvusni qattiq norozi qilgan edi.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay Parvus zudlik bilan chet elga qochishga majbur bo‘ladi, Krasin esa Rossiyada qolgan va ikki inqilob o‘rtasida juda faol ish olib boradi. Uning qilgan ishlarini yozaman desa, bir necha jildli jinoiy ish bo‘ladi. U banklarning pul tashuvchi aravalariga bosqinlar uyushtirgan, poytaxtdagi elektr tarmog‘ini ishdan chiqarishga tayyorgarlik ko‘rgan, qalbaki pul yasash bilan shug‘ullangan, politsiyachilarni o‘ldirishda qatnashgan. Qaltis ishlarni yaxshi ko‘radigan, dovyurak va sarguzashtgalab Krasinning nima sababdandir Lenindan ko‘ngli qolgan va uning Syurixdan yuborib turadigan, Shveytsariyada inqilob qilishga undab yozilgan maqolalarini ochiqdan-ochiq masxara qilgan. Taniqli Georgiy Solomon muhojirlikda muhtojlikda yashayotgan jahon proletariatining dohiysi uchun (dohiy zarur paytlarda badjahlroq bo‘lsin deb Parvus unga beriladigan mablag‘larni cheklab qo‘yardi) mablag‘ yiqqani Peterburgga kelganida Krasin uning iltimosini eshitgan-u, yonidan hamyonini olib, undan ikkita besh so‘mlik chiqarib Solomonga uzatgan. Bundan Solomon qattiq g‘azablangan va Krasinga «sensiz ham kunimiz o‘tib qolar» degan. «O’zingiz bilasiz, - deb yelkasini qisgan Krasin, pulni hamyoniga qaytarib solib qo‘yar ekan. Va yana Solomonga do‘stona ohangda shunday degan:

— Achchig‘ingiz kelmasin, Georgiy. Lenin yordam berishga arzimaydi. U hamma narsani vayron qilish kasaliga uchragan. Ertaga qanday harakat qilishini oldindan aytib berib bo‘lmaydi. Uning kallasida ertaga qanaqa fikr tug‘ilishini hech kim bilmaydi. Keling, qo‘ying Leniningizni. Undan ko‘ra, yuring, tushlik qilaylik».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 16 Fevral 2011, 21:59:25
Ammo Lenin to‘ntarishdan keyin mamlakatdagi hamma savdoni mahv qilib bo‘lgach, nima sababdandir ayni Krasinni Savdo Xalq komissari etib tayinlaydi. Krasinning narkomatiga million-million mablag‘ bilan ish yurituvchi yirik savdo firmalaridan ham, bor-yo‘g‘i uch yuz so‘mlik savdo qilib ulgurgan kichkina do‘konlar va ustaxonalardan ham musodara qilingan pullaru mollar oqib kelardi. Pul bilan qimmatbaho buyumlar Xalq bankiga va uning qoshida tashkil qilingan «oltin jamg‘armasi»ga topshirilardi, buyumlar esa omborlarga jo‘natilardi. Urush tufayli tashqi savdoda paydo bo‘lgan turg‘unlik vajidan omborlar shiplarigacha buyumga to‘lib ketgan edi. Krasin «yopiq omborlar» tizimini o‘ylab topganlardan biri bo‘ldi. Buning ma’nosi shu ediki, mamlakatda hamma zarur narsa oshib-toshib yotganday ko‘rinsa-da, hech narsa sotilmas, balki taqsim qilinardi, xolos. Bu tizim bizning kunlarimizda ham yashab, avvalgiday samara bilan qo‘llanmoqda. Faqat farqi shundaki, u yillarda ochlik va muhtojlik tufayli pichoq suyaklariga borib qadalgan odamlar omborlarga hujum qilishardi. Hujum vaqtida ularni shafqatsizlik bilan pulemyotdan otishar, keyin esa har bitta o‘lgan odamni alohida inqilobiy tribunal hukmi bilan otilgan deb rasmiylashtirib qo‘yilardi. To‘g‘ri, omborlar hisobsiz emas edi. Vaqt-vaqti bilan aynigan mahsulotlar tun qorong‘isida va soqchilarning qattiq nazorati ostida shahar tashqarisiga olib borib, axlatxonaga tashlanardi. Yana ularning ustidan ohak to‘kilardi. Xudo ko‘rsatmasin, biron betamiz bu mahsulotlarga ko‘z olaytirmasin-da! Axlatxonaga yetib borguncha yo‘l-yo‘lakay, albatta, u-bu narsalar o‘g‘irlanar va keyin u bozorda paydo bo‘lardi. Aynigan mahsulotlar tufayli yalpi kasalliklar tarqalib turardi. Bunga esa, tabiiyki, chayqovchilarni aybdor qilishardi.

Aytgancha, yaqin orada omborlarning bo‘shab qolishi xavfi bor edi — Krasin xuddi shu maqsadda Germaniyaga yo‘l olgan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 16 Fevral 2011, 22:51:16
Berlinga ketayotganlar orasida eng ajoyibi — «vakolatxona»ning to‘rtinchi xodimi Vyacheslav Menjinskiy edi. Shaxsan Leninning ko‘rsatmasiga muvofiq u nemis poytaxtida RSFSR Bosh konsuli mansabini egallashi kerak edi. Vyacheslav Menjinskiy — bolsheviklar rahbariyatidagi eng mash’um shaxs hisoblanadi. «Temir Feliks»ning birinchi muovini, VChK kollegiyasidagi eng ashaddiy qonxo‘rlardan biri bo‘lmish bu odam ayni choqda Moliya Xalq komissari mansabini ham egallab turar va «xalq banki»ning asosiy komissarlaridan biri edi. Bunaqa xilma-xil mansablarni egallab turish ko‘p g‘aroyib emasmi, a? Bir qo‘li bilan talasa va otsa-yu, ikkinchi qo‘li bilan talangan narsalarni jamlab, yashirsa! Aftidan, allaqanday muhim sabablar tug‘ilganki, Menjinskiy Rossiyadagi sermashaqqat va serdaromad ishlarni tashlab, Berlinga jo‘nashga majbur bo‘lgan (1916 yilning iyulida Menjinskiy Parijda chiqadigan «Bizning sado» degan muhojirlar gazetasida Lenin haqida g‘oyatda e’tiborga sazovor maqola e’lon qilgandi. Unda shunday deyilgan: «Lenin - siyosiy munofiq. Ko‘p yillar mobaynida u marksizmni hozirgi daqiqada o‘zi uchun zarur bo‘lgan qiyofaga solib kelmoqda. Hozirgi paytda u o‘z nazariyalari ichida uzil-kesil gangib qoldi. Lenin — rus absolyutizmining haromi farzandi. U rus taxti bo‘shab qolsa, bu o‘ringa o‘zini birdan-bir munosib nomzod deb hisoblaydi. Mabodo unga hokimiyat tegib qolsa, Pavel I dan kamroq noma’qulchiliklar qilmaydi... Leninchilar, hatto, fraktsiya ham emas, balki qamchilarning qarsillashi bilan proletariatning ovozini o‘chirishga tirishayotgan ot o‘g‘rilaridir». Kremlga xo‘b g‘aroyib ulfatlar to‘planib olmaganmi?) Berlinning Sileziya vokzalida vakillarni Germaniya Tashqi Ishlar vazirligining allaqaysi mayda xodimlari bilan birga ulug‘ Parvusning o‘zi kutib oldi. Rossiya taqdirida bu odamning ahamiyati shu qadar katta bo‘lsa-da, u haqda shu qadar kam bilishadiki, buni o‘ylasang, alam qilar ekan kishiga. Negaki, ayni Parvus Leninning muallimi va ustozi bo‘lgan edi. Ayni ana shu Parvus birinchi bo‘lib Ilich siymosida o‘zining benihoya boyib ketish borasidagi beqiyos rejalarini amalga oshirishga qurbi yetadigan odamni ko‘rgan edi. E’tirof etish kerakki, garchi Parvus, 1905 yilda qandaydir qora ishlar bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan esa-da, aslida bunday ishlarga aslo tobi yo‘q edi. Parvusning haqiqiy familiyasi Gelfand deb hisoblanadi, lekin so‘nggi ma’lumotlar bunga shubha bilan qarashga undaydi. Bunaqa ko‘lamdagi xalqaro firibgarlarning haqiqiy familiyasini topib olish juda qiyin. U Lenindan uch yosh katta bo‘lgan. 1867 yilda Minsk gubernasidagi Berezino shahrida tug‘ilgan. Bolaligi Odessada o‘tgan, 1885 yilda shu yerda gimnaziyani tugatgan, keyin tahsilni davom ettirish uchun Germaniyaga ketgan. 1891 yilda Parvus iqtisod va moliya kursi bo‘yicha Bazel dorilfununini tugatadi. Shundan so‘ng bir necha yil mobaynida Germaniya va Shveytsariya banklarida xizmat qiladi. Aftidan, marksistik safsatadan istagan iqtisodiy va harbiy jinoyatni xaspo‘shlashda foydalanish mumkinligini birinchi bo‘lib anglagan ko‘rinadi. Rossiya tarixini, uning xo‘jaligi va moliyaviy ahvolini berilib o‘rgangan. U rus jamiyatining hamma tabaqalarini ich-ichidan yemirib yotgan chuqur ziddiyatga e’tiborni qaratgan va agar bu jamiyat dvoryanlar va ziyolilardan iborat omonat himoya qatlamidan mahrum bo‘lib qolsa, juda nochor va ojiz bo‘lib qolishini bashorat qilgan. Uning bu karomati Leninda juda katta taassurot qoldirgan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 16 Fevral 2011, 22:52:13
Lenin «sotsial-demokratik» muhitda faqat Parvus bilangina bahslashishga jur’at etgan emas. Holbuki, kimda-kim marksizmni sal boshqacharoq talqin qiladigan bo‘lsa, Lenin unga dakang xo‘rozday tashlanib, dabdalasini chiqarar edi. Bunaqa paytda u raqibini ayab o‘tirmay, eng dag‘al iboralarni ham qo‘llayverardi. «Malay, oqsoch, yollangan, ablah, fohisha, sotqin» - raqiblari bilan bahsga kirishganda Lenin ana shunaqa haqu nohaq adabiy-munozaraviy iboralarni qo‘llashda sira tortinib o‘tirmasdi.

Ammo dohiy Parvusni hammadan ko‘ra yomon ko‘rardi, undan nafratlanardi, lekin shunday bo‘lsa ham na matbuotda, na og‘zaki unga til tekkizishga jur’at qilmasdi. Aksincha, uning gaplarini e’tibor bilan tinglar ekan, ko‘pincha «bo‘lmagan gap! O’ta bema’nilik! Lekin masalaga dialektik qaraladigan bo‘lsa, marksizm deganlari aynan shuning o‘zi bo‘ladi!» deb xitob qilardi. Amaliy marksizm, Parvusning fikricha, quyidagilardan iborat edi: butun jahon miqyosida hukmronlikka erishish; buni marksizm lahjasida «jahon inqilobi» deydilar. Bunga erishishning faqat bitta yo‘li bor - jahon moliya tizimi ustidan nazoratni qo‘lga olmoq kerak. Buning uchun eski tizimni, ya’ni mavjud moliya qurilmalarini, albatta, ag‘darib tashlash shart emas, deb hisoblardi. Parvus, balki bu tizimga bir amallab suqilib kirib olib, uni asta-sekin o‘z nazorati ostiga olish va shu zaylda o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga e’tibor berish kifoya. Bunga erishmoqning yakka-yu yagona sharti shuki, birorta ozmi-ko‘pmi badavlat davlatni bosib olish zarur va uning jamiki boyligini, hamma ko‘chuvchi va ko‘chmas mulkini pulga aylantirib, xalqini sof Aflotun sotsializmida (ya’ni eng rasvo qullik sharoitida) yashashga majbur qilish lozim. Shu yo‘l bilan yig‘ilgan mablag‘ni esa jahon moliyaviy tizimiga singdirish kerak. Agar mablag‘ yetarli darajada katta bo‘lsa, uning yordamida jahonga o‘zi istagan mafkurani qabul qildirish mumkin. («O’ta bema’nilik!») Tabiiyki, buni ommaviy va shafqatsiz qirg‘insiz amalga oshi-rib bo‘lmaydi, ammo «proletariat diktaturasi», «sinfiy kurash», «o‘lib borayotgan sinflar», «yalpi tenglik», «to‘la erkinlik» kabi iboralardan mahorat bilan foydalanilsa va «muvaffaqiyatga erishish», «muvaffaqiyatni mustahkamlash», «muvaffaqiyatni rivojlantirish» degan juda jo‘n bir yo‘sinda puxta o‘ylanilgan harakat taktikasini qo‘llasa, bu bilan qirg‘inlarni niqoblash uchun juda keng imkoniyatlar tug‘iladi. O’z saflaringda temir intizom o‘rnatish kerak, ixtilof degan narsaga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, rahbariyatning turmushi mutlaqo pinhona kechmog‘i lozim, bu rahbariyatni asta-asta ilhomlantirib borish shart. («O’ta bema’ni! Lekin masalaga dialektik qaralsa...»)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 16 Fevral 2011, 22:53:14
Bular hali farmonlar va dekretlar: ko‘rsatmalar va buyruqlar, maxfiy va mutlaqo maxfiy qo‘llanmalar, sirni oshkor qilib qo‘ysa o‘lim jazosiga mustahiq qilish bilan qo‘rqituvchi do‘q-po‘pisalar emas edi. Bular hozircha shinam kafelarda yoxud ko‘ngilochar ziyofatlarda o‘tirib qilingan bashoratlar edi, xolos. Bu o‘tirishlarda fortepyanoda «Varshavyanka»ni chalish yoxud «Yo‘qolsin hokimi mutlaqlik!» deganga o‘xshash umumiy xitoblarni aytish uchchiga chiqqan qahramonlik deb hisoblanardi. Ammo «stsenariy» qanaqa bo‘lishi haqidagi gaplar o‘rtaga tushgan edi. Darhol bir-biriga zid fikrlar tug‘ildi. Parvusning fikricha: dastlabki rejani amalga oshirmoq uchun Rossiyadan qulayroq mamlakatni o‘ylab ham topib bo‘lmaydi. Lenin esa bunga butunlay qarshi edi. Leninning fikricha, Rossiyada hech narsa qilib bo‘lmaydi. Parvus esa aksincha, Rossiyada hamma narsaga imkon bor, hatto, aslo mumkin bo‘lmagan narsalarni ham qilishga yo‘l topiladi deb hisoblardi. Rus-yapon urushidagi sharmandali mag‘lubiyatlar tufayli ming yillik rus qudrati zil ketdi. Shunda Parvus vaziyatga darhol baho berib, xalq chorizm tuzumini bu mag‘lubiyat uchun kechirmaydi dedi. Negaki, xalq asrlar davomida zo‘r-zo‘r g‘alabalarni ko‘rgan, yengil-yelpi jangarilik ruhida tarbiyalangan. Endi tahqirli mag‘lubiyatni ko‘rib o‘tiribdi. Bu yengilish imperiyaning iftixori bo‘lmish ulug‘ flotni barbod qildi - hozir uning yarmi yaponlar qo‘liga o‘tib ketdi va yapon bayroqlari ostida suzib yuribdi. Buni anglash uchun markschi bo‘lish shart emas edi. Gertsenning oddiygina so‘zlarini esda tutish kifoya edi: «Urushlarda alqaydigan narsa muzaffariyat emas, mag‘lubiyatdir... Negaki, xalq uchun eng baquvvat kishanlar muzaffariyat qilichlaridan yasaladi».

Yaponlardan ikki million funt-sterling pul olgach, Parvus fursatdan foydalanib, 1905 yil inqilobning dohiysi va rahbari bo‘lib oldi. Yapon pulidan Leninga ham jinday ulush tegdi — ularning kuchi bilan RSDRPning uchinchi qurultoyi o‘tkazildi va «Vperyod» gazetasi tashkil qilindi. Ammo Lenin Rossiyaga ishonmaganidan, Parvusning ko‘ziga norozi ko‘rinsa-da, ko‘nglida unga qoyil qolgani holda, uning xatti-harakatlarini xorijdan kuzatib turdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:16:03
Parvusning uslubiyoti juda aniq edi: mamlakatdagi inqilob - poytaxtda inqilob degani. Poytaxtda boshlansa, aks-sado beradi. Parvus «sho‘ro»larni tashkil qiladi va o‘zi Peterburg sho‘rosining raisi lavozimini egallaydi. Uning moliyaviy manifestini ko‘rsangiz! Urushga qarshi yo‘naltirilgan va mag‘lubiyat kayfiyatlarini targ‘ib qiluvchi xitoblarini aytmaysizmi! 2-Tinch okean eskadrasining ochiq dengizga chiqish yo‘lini to‘sib qo‘ygan «Burgut» kemasining halokati-chi?! 1905 yil 9 yanvardagi xalq namoyishining uyushtirilishi-chi?! O’shanda Parvusning jangarilari Aleksandr bog‘idagi daraxtlarga chiqib olib, u yerdan Qishki saroyni himoya qilib turgan soldatlarga o‘q uzishgan va shu bilan mashhur Qonli yakshanbani boshlab berishgandi. Banklarni bosish-chi?! Kronshtadt, Sevastopol, Sveaborgni ayting! «Potyomkin» va «Ochakov» kemalari-chi? Hammasi juda ajoyib tarzda amalga oshirilgan edi. Faqat bir narsa chatoq bo‘lgan-di. Ular darhol ommaviy qirg‘inni boshlab yubormadilar va oxir-oqibatda hamma ishni boy berdilar. Lenin garchi hech qaysi voqeada shaxsan ishtirok etmagan bo‘lsa-da, hamma narsani diqqat bilan kuzatib, xatolarni belgilab bordi. Va yana bir karra amin bo‘ldiki, Rossiyada isyon qilsa bo‘ladi, tartibsizliklar, ur-yiqitlar, ish tashlashlar uyushtirish mumkin, ammo ko‘ngillarida o‘ylab qo‘ygan tuzumni hech qachon qura olmaydilar. Yo‘q, Rossiya bunga yaramaydi. G’arbiy Ovrupodan boshlamoq kerak.

Qamoqqa olingan va badarg‘a qilingan Parvus Sibirga olib ketilayotganida soqchilar qo‘lidan qochib... Turkiyada paydo bo‘lib qoldi. Bu yerda u Yosh turklar hukumatining iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib olgandi. Bu mansabda bir necha million ishlab olgach, xalqaro banklar va kartellarning jahonga mashhur namoyandalari bilan aloqalar o‘rnatgan Parvus o‘zining asosiy rejasini — Rossiyani xarob qilishni bir lahza ham esdan chiqargani yo‘q. Esidan chiqargani yo‘g‘-u, lekin qaynab-toshgan iqtisodiy faoliyatdan ham chalg‘imadi. Uning moliyaviy dahosi, Trotskiyning o‘ta o‘rinli iborasi bilan aytsak, rus emanini qulatayotgan boltadan turk sarviga quvvat baxsh etuvchi bog‘bon belkuragiga aylandi. Parvus vayron bo‘layotgan Usmonli imperiyasini iqtisodiy halokatdan saqlab qolgandi. Albatta, bu ishlarni qilar ekan, Parvus o‘zini aslo unutgani yo‘q. Lenin va unga sodiq bir guruh tarafdorlari muhojirlikda zo‘r-bazo‘r umrguzaronlik qilayotgan bir sharoitda Parvus banklar ochdi va savdo korxonalariga asos soddi. U juda katta pul mablag‘lari bilan ish yuritardi. Lenin goh «ekspropriatsiya qilingan» pullarga yashardi (Kamo bilan Kobani qamab qo‘yganlariga qadar), goh onasi yuborgan pullarga tirikchilik qilardi (onasi hayotligida), goh do‘stlarining xayri ionasiga (hammaning joniga tegib ketmaguncha), goh qo‘li ochiq, ko‘ngilchan Shveytsariya sotsialistlarining homiyligida kun o‘tkazardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:16:55
Ammo Parvus uni hech qachon esidan chiqarmagan, chunki o‘z rejalarini Lenindan ko‘ra tuzukroq uddalab bajaradigan odam yo‘qligini tushunar edi.

Saraevoda yangragan o‘q ovozi Parvus uchun jangovar chaqiriqday bo‘ldi. U bir lahzada Turkiya Germaniya tomonida turib urushga qo‘shilsa, bu Rossiya uchun nima bilan tugashini chamalab, hisoblab chiqdi.

U ehtirosli notiq harorati bilan qat'iy harakat qiluvchi, lekin uncha olisni ko‘rolmaydigan Anvar poshshoga va uning «yosh turklari»ga Turkiya faqat Germaniya tomonida turib urushmog‘i kerakligini uqtira boshladi. Faqat shundagina Turkiyada ulug‘ imperiya qaytadan tiklanadi, shunday qilgandagina Turkiya o‘z tarixining so‘nggi yigirma yili mobaynida boshidan kechirgan behisob mag‘lubiyatlar va taslimlar, qo‘pol tahqirlar va kamsitishlar dog‘ini yuvib tashlay oladi. U qahva ichib, sigara chekib o‘tirib Germaniyaning Turkiyadagi elchisi fon Vangengeym bilan suhbatlashadi va olis Konstantinopoldan Germaniyaga telegramma jo‘natdi. Uning oqibatida O’rta dengizdagi kemalarini Shimoliy dengizga jo‘natishni rejalashtirgan admiral Sushon «Geben» linkorini orqaga qaytarib, Dardanell bo‘g‘oziga jo‘natadi. Parvus maxfiy shayinlarni harakatga keltiradi, natijada Turkiyaga g‘alla, temir, dastgohlar va o‘q-dorilar kela boshlaydi, yuklarning bir qismi esa yo‘l-yo‘lakay Bulg‘oriyaga tushiriladi. Parvus aslo amalga oshirib bo‘lmaydigan ishni bajardi — asrlar mobaynida bir-biriga ashaddiy dushman bo‘lib kelgan ikki mamlakat — Bulg‘oriya bilan Turkiya har qanday panslavizm va panislomizm goyalarini yemirib, Rossiyaga qarshi urushga qo‘shildi. Parvusning qalin do‘sti, Turkiyaning harbiy ministri va harbiy hukumatining boshlig‘i Anvar poshsho bekorga mo‘ylovini kayzernikiga o‘xshatib qo‘yib oldi, deysizmi? U, hatto, Kominternga a’zo bo‘lib kirdi va 1922 yilda Tojikistonda qonli janglardan birida shahid ketdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:17:44
Ammo bu hali holva edi. Rossiyaga janubdan qilinadigan hujumni ta’minlagan Parvus hech kutilmaganda brilliant tugmalari va tilla uzuklarining jilvasi bilan qashshoq rus muhojirlari ko‘zini qamashtirib, «sotsial-demokratlar» orasida paydo bo‘ldi.

Uning «Demokratiya uchun! Chorizmga qarshi!» degan mashhur risolasi allaqachon shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Negaki, anchadan beri sukut saqlab kelgan Parvus partiyaviy publitsistika maydonida yana ko‘rinishga jur’at qilib, «sotsialistik» harakatning navbatdagi vazifalarini mutlaqo yangicha sharhlagan edi. Bu yangicha sharh sobiq partiyadosh o‘rtoqlarining ko‘pchiligini dahshatdan lol qoldirdi. Yangi «nazariya»ning mohiyati quyidagicha edi: urushning aybdorlari kim ekani haqida masala qo‘yish kerak emas, «kim birinchi hujum qilganini» ham axtarib o‘tirishga hojat yuq. Bu ahamiyatsiz narsa. Jahon imperializmi o‘nlab yillar mobaynida qirg‘inbarotlarini tayyorlab kelgan. Shunday bo‘lgach, kimdir hujum boshlashi kerak edi-da! Hech kimga keragi yo‘q sabablarni izlab vaqt ketkazib o‘tiradigan payt emas, sotsialistik yo‘sinda fikrlashga o‘rganmoq lozim. Ya’ni biz — jahon proletariati urushdan qanday foydalanmog‘imiz va kimning tomonida urushmog‘imiz kerakligini aniqlab olishimiz shart. Hammaga ma’lumki, dunyodagi eng qudratli sotsial-demokratiya Germaniya sotsial-demokratiyasidir. Agar Germaniyada sotsializm tor-mor etilsa, uni hamma joyda mag‘lub qilajaklar. Jahon sotsializmining g‘alababiga olib boradigan yo‘l — Germaniyaning  harbiy xatti-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Rus chorizmi Antanta tomonida turib urush qilayotgani bizga sotsializmning haqiqiy dushmani kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Shunday qilib, butun dunyo ishchilari rus chorizmiga qarshi urushmoqlari kerak. Jahon proletariatining vazifasi — Rossiyani tor-mor keltirib, uning ichida inqilob kilishdir. Agar Rossiya mayda bo‘laklarga bo‘lib yuborilmasa va demokratlashtirilmasa, u butun dunyoga tahdid qiladi. Modomiki, Moskva imperializmiga qarshi kurashning asosiy qiyinchiligi Germaniya zimmasiga tushayotgan ekan, bundan «Germaniyaning g‘alabasi - sotsializm g‘alabasidir!» degan birdan-bir xulosa chiqarish uncha qiyin emas.

Lenin aytganidek, «O’ta bema’ni, lekin dialektik nuqtai nazardan qaralsa...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:18:49
Ha, Lenin qanday munosabatda bo‘lishidan qati nazar, Parvus «nazariyasi» o‘zi oddinga surgan «taslimchilik» g‘oyasining juda chiroyli va bejirim nusxasi ekanini tan olmasligi mumkin emasdi.

Parvusga xos bo‘lgan keng ko‘lamdorlik Leninda yetishmas edi, chunki Lenin iqtisodchi emas edi. Parvus esa apil-tapil gapdan amaliy ishga ko‘chadi-yu, Berlinga borib, Rossiyada «ashaddiy so‘l ekstremistlarni hokimiyat tepasiga keltirish yo‘li bilan» Rossiyani yo‘q qilish rejasini bayon qiladi. Reja harbiylarniki singari juda aniq edi. Birinchi navbatda podshoni taxtdan ag‘darish kerak. Chorizmga qarshi kurash olib borilyapti, ammo pulning kuchi bilan ertadan boshlaboq bu kurashga butun dunyodagi sotsialistik matbuotnigina emas, balki barcha liberal matbuotni ham jalb qilsa bo‘ladi. Shunday qilinsa, o‘z-o‘zidan Rossiyadagi turfa xil liberal muxolifat ham voqealar girdobiga jalb etiladi.

Juda sodda yo‘l: Podsho — urushning aybdori, millionlab qurbonlar, harbiy muvaffaqiyatsizliklar sababchisi. Malika - nemis, binobarin, josus. Bir oz jo‘n mulohaza, albatta. Ammo Rossiyaga o‘taveradi. Taxt vorisi bedavo dardga chalingan, binobarin, sulolaning kuni bitib qolgan. Davlat dumasi deyarli boshdan-oyoq burjua vakillaridan tarkib topgan — ular bunaqa qarmoqni osongina liqillatib yutib yuboradi. Podsho taxtdan ag‘darilishi bilanoq Rossiya laxtak-laxtak bo‘lib bo‘linib ketadi. Keyin u hech qachon o‘nglanmaydi. Negaki, baliq quruqlikda yashayolmaganidek, imperiya ham demokratiya sharoitida umr kechirolmaydi. Toifalararo, millatlararo, urug‘lararo nizolar haddan tashqari keskin. Eng muhimi esa - iqtisodiyot qil ustida turipti. Ish tashlashlar yo‘li bilan uni uzil-kesil izdan chiqarish mumkin. Ikkinchi bosqichda harakat qilish ancha oson ko‘chadi. «Yer - dehqonlarga!» degan jo‘ngina xitob shunga olib keladi-ki, dehqonlar pomeshchiklardan yerni zo‘rlik bilan tortib ola boshlaydilar, soldatlar esa ofitserlarini otib tashlab, yer taqsimotidan quruq qolmaslik uchun xandaqlarni tashlab qochishadi. Armiya falaj bo‘ladi, sanoat majaqlanadi, qishloq xo‘jaligi boshboshdoqlikka uchraydi. Ana shunday sharoitda hokimiyatni so‘l ekstremistlar egallab oladilar. Germaniya bilan sulh tuzadilar va yangi qonunlar chiqarib, imperiyaning vayron bo‘lishini kuchaytiradilar. Shunday qilishar ekan, tabiiyki, ular german qurolining yordamiga tayanadilar, shunda turli-tuman kutilmagan kasofatlardan xalos bo‘ladilar. Hozir bu kasofatlarning hammasini nazarda tutib bo‘lmaydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:19:23
Albatta, nemislarga rejaning faqat ularga taalluqli qismigina ko‘rsatilgan edi. Nemislar hamma gapdan xabardor bo‘lishlari shart emas edi. Ammo Parvus aytgan taxminlarning o‘zidanoq odam entikib ketardi. Klauzevits va Ulug‘ Fridrix tarbiyasini ko‘rib voyaga yetgan katta Moltke va kichik Moltkelarning strategiyasi, Ovrupodagi urushni ikki oyda (Fransiyaga - 30 kun, Rossiyaga - 30 kun) tugatishni taklif qilgan. A. Shliffenning soatu daqiqalargacha hisob-kitob qilib chiqilgan ajoyib rejasi, «Parvardigor, Angliyani jazola!» degan xitob zamirida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bolalagan dunyodagi eng yaxshi harbiy kemalar, beqiyos aniqlik bilan ishlaydigan shtablaru armiyaning temir intizomi - bularning bari bir sarob bo‘lib chiqdi. G’arbiy va Sharqiy frontlardagi qirg‘inbarot, Angliya amalga oshirayotgan dengiz qamalining tobora siqib kelayotgan sirtmog‘i, zaxiralarning shitob bilan qurib borayotgani, bugun-erta Qo‘shma Shtatlarning urushga qo‘shiluvdan hadiksirash nemislarga ularning istiqboli naqadar mudhish ekanini ro‘yirost namoyish qildi. Albatta, prusslarga xos tarzda kalta o‘ylaydigan nemislar Parvus rejalarini bor ko‘lami bilan ko‘ra olganlari yo‘q, lekin ular bu rejalarda o‘zlarining fikru zikrini hammadan ortiq band etib yotgan narsani - o‘zlarining eng dahshatli va eng qudratli dushmanlarini urushdan va Antantadan chiqarish imkonini ko‘rdilar. Buning ustiga bu rejani allaqanday o‘tkinchi bir muttaham emas, balki o‘zlari yaxshi biladigan Parvus taklif qilyapti. U Birinchi Rus inqilobining otasi hisoblanadi, ish tashlashlar, ko‘cha namoyishlari, qonli tartibsizliklarni uyushtirishda unga teng keladigani yo‘q. Nemislar yaxshi eslaydilar — u arzimagan haq evaziga mashhur Obuxov ish tashlashini uyushtirgan edi. Shu ish tashlash oqibatida rus linkorlari uchun yangi zambaraklar ishlab chiqaruvchi yangi texnologik liniyani uzoq muddatga safdan chiqarishga muvaffaq bo‘lingan edi. Shuning uchun ular Parvusning rejasiga jon-jahdlari bilan yopishib olishdi-da, uning bahosini so‘rashdi. 50 million, — deb javob berdi allaqachon hammasini hisob-kitob qilib qo‘ygan Parvus. Albatta, u bu pulning kamida yarmini o‘z hamyoniga urishni ham o‘ylab qo‘ygandi. Savdolashishning o‘rni yo‘q edi. 50 million oltin marka degani nima o‘zi? Bitta chala bitgan lin-korning puli! G’alati-ya! (Sevastopolda portlatilgan «Imperatritsa Mariya» kemasining o‘zigina 1919 yilgacha bo‘lgan sarf-xarajatlarning hammasini bemalol qoplaydi).

Nemislarni boshqa narsa tashvishlantirar edi - Rossiya taxti bo‘shab qoladigan bo‘lsa, unga Parvusning o‘zi da’vogarlik qilmasmikan? Savollar, albatta, benihoya xushmuomalalik bilan berilgan edi, ammo savol beruvchilarning ko‘zida nemislarga xos antisemitizmning sovuq nurlari jilolanib turardi. Rossiyadagi jamoatchilik har qancha inqiloblashgan bo‘lmasin, mamlakatdagi oliy mansabni, yumshoq qilib aytganda, «pravoslav e’tiqodida bo‘lmagan» odam egallashini uncha xushlamasa kerak. O, Parvus bu mayda gaplardan yuqori turardi. Birinchidan, u rus jamoatchiligi haqida o‘z fikriga ega edi, ikkinchidan esa, rejaning nemislar bilmaydigan qismida mamlakatdagi har qanday jamoatchilik fikrini shitob bilan qatiy ravishda mahv etish nazarda tutilgan edi. Uchinchidan esa, Parvus sira ham Rossiyaga qaytmoqchi emas, agar butun xalq yig‘lab-siqtab uni Boris Godunov kabi taxtga chiqishga undasa ham, u rus taxtini egallash niyatida emas edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:19:57
Bu yillar mobaynida u haddan ziyod boyib ketdi - uning Berlinda uyi, Berlinda xos hovlisi, Stokgolmda xos hovlisi, Shveytsariya Alpida chorbog'i, to‘rtta xususiy banki, yana oltita bankda hissador tarzidagi ishtiroki, Kopengagenda import-eksport idorasi, temir yo‘l va kema qatnovi jamiyatlarida ancha-muncha aktsiyalari bor edi. U shunaqa martabaga erishgan ediki, taxtda o‘tirib, bir mamlakatni bosh-qarishdek zahmatli ishni zimmasiga olishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Bu ish uchun uning boshqa bir nomzodi bor edi - ko‘p yillar davomida uni nazaridan qochirmay kuzatib kelardi. Ularning bir zamonlardagi hamkorligi allaqachon o‘tmishda qolib ketgan, ular ko‘pdan beri uchrashmas edilar. Ammo Parvus yakkayu yagona, o‘ziga xos tarzda betakror bu «sotsialist»ni bar lahza ham unutgani yo‘q. Negaki, u hukmdor bo‘lish, butun jahonning xo‘jayini bo‘lish dardiga chalingan, xijolatu andisha degan narsalardan butunlay xoli, o‘z maqsadiga erishish yo‘lida eng mudhish vositalarni qo‘llashdan ham toymaydigan, har qanday eng jirkanch niyatlarini ham safsata oqimiga ko‘mib yuboradigan, bemalol yolg‘onu chala yolg‘onlarni qalashtirib tashlaydigan bir odam edi. O’sha kezlarda uning vulqonday qaynab-toshgan g‘ayrati behuda narsalarga sarf bo‘lmoqda edi — u gazetalar sahifalarida mayda-chuyda g‘iybatlarga o‘ralashib qolgan, o‘zining Ovrupo uchun mutlaqo qadrsiz ekanini anglab va asosiy zarbani qaerda berish kerak ekanini bila olmay g‘azab o‘tida qovrilib yotardi. Ammo u har qanday vaziyatga moslashib ketadigan, tuturiqsiz va qattiqqo‘l, aql bovar qilmaydigan darajada ishchan va eng qonxo‘r ablahlarni atrofiga to‘play oladigan mo‘‘jizaviy qudratga ega edi. Buning ustiga hukmdor bo‘lish dardiga yo‘liqqan bo‘lib, sof osiyocha mustabidlik qiliqlari bor edi. Shu sifatlariga ko‘ra bu odam, Parvusning fikricha, Rossiyada va faqat Rossiyadagina harakat qilish uchun eng munosib nomzod edi. Butun jahon ko‘lamida ish yuritish uchun u ancha ojiz-lik qilardi, ammo «jahon proletariatining dohiysi» bo‘lish unga juda xush yoqar ekan, mayli, bo‘la qolsin - Parvus bunga e’tiroz bildirmaydi. Eng muhimi - ishni bajarsa bo‘lgani.

Lenindan boshqa yana kim ham Parvusning ajoyib niyatlari qadriga yetishi mumkin edi? Rossiyani mangu halokatga uchratish uchun va butun insoniyatni jahannam labiga olib borib qo‘yish uchun kurrai zaminga kim tomonidan yuborilgani noma’lum bo‘lgan bu ikki ulug‘ va mudhish daho Leninning Syurixdagi faqirona uyida - torgina oshxonada do‘ng peshonalarini bir-biriga urib olay deb ro‘parama-ro‘para o‘tirishibdi. Ular dunyoga uch yil farq bilan kelishgan (1867 va 1870 yilda), lekin dunyodan bir yilda — 1924 yilda ketishdi. Bunisi ham g‘aroyib va mudhish...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:20:24
Ammo Lenin Parvusning niyatini boshqa har qanday odamdan ko‘ra yaxshiroq anglagan bo‘lsa-da, bu niyatni amalga oshirishda shaxsan ishtirok etish haqidagi taklifdan boshi osmonga yetgani yo‘q. Axir Rossiya nima bo‘lipti! Rossiya — najosat! Rossiyadan boshlamaslik kerak. Axir hech kim Marks aytgan sotsializmni Rossiyada qurish vazifasini qo‘yayotgani yo‘qku?! Rossiya butun ishni jahon miqyosida uyushtirish uchun mablag‘ beradi, deysizmi? Bo‘lmagan gap! Rossiya qashshoq, bo‘ynigacha qarzga botib yotibdi! Qarzdor bo‘lsa, birov sizni Rossiyaning qarzlarini to‘lashga majbur qilarmidi? Qashshoqligi masalasiga kelsak... Rossiyadagi hamma cho‘ntaklarni ag‘darsa, ozmuncha mablag‘ chiqmasa kerak. Nemislar-chi? Nemislar nima qilib berardi? Meni ularning puliga muhtoj deb o‘ylaysizmi? Men bu pullarni nemislarsiz ham topaman. Hatto, undan ham ko‘proq topishim mumkin. Men bu pullar vositasida nemislarni rejaga daxldor qilib qo‘yardim, chunki nemislarsiz ish chiqarib bo‘lmaydi. Armiyani xarob qilsak, o‘zimiz nima bilan qolamiz? Armiya kerak, lekin rus armiyasi emas. Aks holda, bizni bo‘ron supurib tashlaydi. Tushunyapsizmi? Nemislarning panohi ostida biz bu ishimizni qilamizu yana ularning panohida jo‘nab qolamiz. Keyin-chi? Keyinmi? Rossiyada qo‘lga kiritgan pulimizga butun Ovruponi sotib olamiz. Ana sizga jahon inqilobi! Agar jiddiy aytsak, hamma ishni ikkita juda oddiy xitob bilan amalga oshirish mumkin: tinchlik va yer!

Leninda chindan ham strategik ko‘lam yetishmas edi. Buni Parvus to‘g‘ri tushunardi. O’z bid’atlari, o‘z qoidalari va bema’ni g‘oyalari Leninni iskanjadek qisib olgan edi, lekin tan berish kerakki, u juda yaxshi taktik edi. Shuning uchun Parvusning niyatini uning o‘zidan ham chuqurroq angladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:21:10
Sileziya vokzalidagi uchrashuv xursandlik bilan, lekin ortiqcha ehtiroslarsiz o‘tdi. Xushmuomalalik bilan shlyapalar boshdan sal ko‘tarildi, qo‘llar qattiq qisildi, nemis tilida kalta-kalta jumlalar aytiddi. Faqat ko‘zlar chaqnagan edi — rejalar o‘ng keldi va amalga osha boshladi. Hozircha - ishqilib ko‘z tegmasin - hamma ishlar silliq ketyapti. Berlindagi Unterder Linden degan ikki tomoniga qator arg‘uvonlar ekilgan keng markaziy ko‘chada joylashgan, XIX asrning oxirlarida imperiyaga xos viqor bilan qurilgan, 1914 yildan beri huvillab yotgan sobiq rus elchixonasining binosi yana jonlanib qoldi. Bu 1918 yilning 20 aprelida sodir bo‘ldi (bo‘lg‘usi fyurer Gitlerning tug‘ilgan kunida. O’sha kunni Gitler G’arbiy front xandaqlarida nishonlamoqda edi).

Kimsasiz bahaybat imoratda sobiq elchining derazalariga og‘ir pardalar osilgan, «modern» uslubida jihozlangan xonasida ish qaynab ketdi. Marmar kuldonlar ustida sigaralar tutab yotar, sakson chinnisidan yasalgan chashkalarda kofe hovuri chiqib turar, Bogemiya billuridan bino bo‘lgan qadahlardagi maylar qizil-zangori jilolar tarqatib tovlanardi. Parvus ishda har qancha talabchan va qattiqqo‘l bo‘lmasin, Oktyabr to‘ntarishidan beri o‘tgan olti oy mobaynida Moliya Xalq Komissarligi va Xalq banki tomonidan qilingan haddan ziyod katta va mashaqqatli ishni ko‘rib qoyil qolmay turolmadi. Uyum-uyum vedomostlar, qator-qator raqamlar, inventar ro‘yxatlari, qarz haqidagi sertifikatlar va yana boshqa o‘nlab hujjatlar — hammasi tartiblangan va hisoblab yakun qilingan. 1897 yilda (oltin tangalar zarb qilina boshlangan yili) Davlat xazinasi o‘n besh so‘mlik oltin tangalardan hammasi bo‘lib 178 million 500 ming so‘m miqdorda 11 million 900 ming dona chiqargan. 1918 yilning 10 aprel kunigacha hammasi bo‘lib 142 million 500 ming so‘mlik 9 million 500 ming dona oltin tanga qo‘lga kiritilgan va daromad tarzida rasmiylashtirilgan.

7 so‘m 50 tiyinlik tilla tangalardan hammasi bo‘lib 126 million 217 ming 500 so‘mlik 16 million 829 ming dona chiqarilgan. 1918 yil 10 aprelga qadar shundan hammasi bo‘lib 111 million 375 ming so‘mlik 14 million 850 ming dona tanga qo‘lga kiritilgan va hujjatlarda rasmiylashtirilgan.

5 so‘mlik oltin tangalar hammasi bo‘lib 26 million 860 ming so‘mlik miqdorda 5 million 372 ming dona zarb qilingan. 1918 yil 10 apreliga qadar shundan 10 million 500 ming so‘mlik 2 million 100 ming dona tanga qo‘lga kiritilgan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:25:22
1898 yil... 1899 yil... Yillar lip-lip o‘tadi, ular bilan birga million-million tilla tangalar o‘tadi -  tilla tangalar emas, butun boshli ummonga aylanib ketgan oltin daryolar. Besh, o‘n, yigirma, ellik va yuz franklik fransuz tilla pullari, qirolicha Viktoriya, qirol Eduard VII va Georg V ning tasviri, zarb qilingan oltin gineylar va soverenlar. Qog‘oz funtlar, franklar, markalar, Shimoliy Amerika dollarlari. Qimmatli qog‘ozlar, zayomlar, obligatsiyalar tarzida chiqarilgan qog‘ozlar... Ajnabiy davlatlarning rus banklarida saqlanuvchi oltin pullari haqidagi ma’lumotlar, ajnabiy qarzlar yuzasidan garovga qo‘yilgan rus oltinlari. Otilganlarning qo‘lidan sirib olingan tilla uzuklar, talaba qizlarning quloqlaridan yulib olingan tilla isirg‘alar, dehqon kulbalaridagi ikonalar ortidan topilgan tilla bilaguzuklar. Kumush tangalar, quyma kumushlar, qimmatbaho ma’danlardan ishlangan buyumlar, kumush va bronzadan ishlangan noyob san’at buyumlari (minglab so‘mlarda). Muzeylardagi, xususiy uylardagi, davlat omborlaridagi boyliklar hozircha rasmiylashtirilgani yo‘q. Vaqt bo‘lmadi. Ammo yaqin o‘rtada hammasi ro‘yxat qilinib, rasmiylashtiriladi.

Hammasi bo‘lib 1913 yil kursi bo‘yicha 2,5 milliard so‘mlik tilla pul. Undan shaxsiy hisoblarga, «umumiy ish» uchun, nemislarga moddama-modda:

a) ajratilgan moliyaviy mablag‘lar; b) harbiy yordam ko‘rsatish uchun; v) armiyaga sarflanadigan xarajatlar; g) to‘xtatib qo‘yilgan nemis depozitlari; d) musodara qilingan tovarlar; e) buzilgan shartnomalar, nemislarga qarshi ur-yiqitlar va boshqa sabablar tufayli shaxsiy odamlarga va mulkka yetkazilgan zararlar.

Jami: Germaniya banklariga, Shveytsariya banklariga, Skandinaviya banklariga, boshqa banklarga... transport xarajatlari; ijrochilarning g‘arazlari tufayli ko‘rilgan zararlar foizi... Jami... Shaxsiy hisoblariga... Shifrlar... Kalitlar... Nemis sanoatining aktsiyalarida va betaraf mamlakatlar sanoatining aktsiyalarida... Jami...

...Parvus qalin lablarini qimtib, g‘amzali ko‘zlarini ustun-ustun raqamlarga yugurtiradi va qovog‘ini osadi. Kam!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:27:03
...Vaqt yetarli emas edi. Bu, albatta, hali hammasi emas. Mana mo‘yna, g‘alla, yog‘och, ruda, rangli ma’danlar bo‘yicha ma’lumotlar. Nemislarning hamma da’volari qondirilgandan keyin biz shulardan boshlamoqchi edik... Ha, biz tushunamiz, hozir bularning barini nemislar o‘zlari bilan olishlari mumkin. Ammo, mana, Leninning o‘z qo‘li bilan yozgan maktubi. Bu maktubni u nemis hamkasblarining qulog‘iga yetkazishni so‘ragan: «... urush yo‘li bilan bizdan hech narsa ololmaysizlar, hammasini yoqib yuboramiz!» Lenin Lenin-da! Har bir qilig‘ida g‘alamislik bor. Albatta, bunga hayron qolmasa ham bo‘ladi, ammo maktubning so‘ngida uning butun mohiyati aks etgan: «Nemislarga xom ashyo bera olamiz».

Janjalning hojati yo‘q. Boadab odamlar kabi murosaga kelaylik. Ha, endi, ozlikka oz... Yana besh baravar ko‘proq bo‘lishi kerak. Kam deganda. Bunday bo‘layotganining sababi bor: ekspropriatsiya hovliqmalik bilan, chuqur o‘ylanmasdan amalga oshirilyapti. Juda ko‘p mablag‘ ijrochilarning qo‘lida qolib ketyapti. Qattiqqo‘lroq bo‘lish kerak, qat’iy nazorat o‘rnatmoq lozim. Haqiqiy nazorat bo‘lsin, VChKning tuzilgani juda yaxshi bo‘ldi, ammo unda haddan tashqari o‘g‘ri ko‘p. Tushunarli, albatta, sizda fursat kam edi, ammo bu yog‘ida qancha qolganini ham hech kim ayta olmaydi. Yana qat’iyroq va shafqatsizroq harakat qilinglar!

Aql o‘rgatar ekan, Parvus o‘n xonali sonlarni haddan tashqari osonlik bilan chaqib tashlab, hujjatlarni o‘rganishda davom etdi. Kutilmaganda ulug‘ moliyachining ko‘ksidan bir xitob ko‘tarildi — bu g‘azabmidi, norozilikmidi, o‘ylagan yomon narsasi chiqib qolganidan ranjishmidi -ajratib olish qiyin edi. Kamomad!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:31:27
Raqamlar to‘g‘ri kelmayapti. Bo‘lishi mumkin emas! Bo‘li-shi mumkin emas? Mana, o‘zingiz ko‘ring. Xo‘b, g‘alati ish bo‘liptida! Yetmish besh... yo‘q, kechirasiz... yetmish sakkiz million tilla so‘m. Darhol tergov boshlandi. Har tomonga maxfiy telegrammalar uchdi. Dzerjinskiy Moskvada (Shveytsariyaga borib kelib turadi), Menjinskiy Berlinda. Tekshirish natijalari aql bovar qilmaydigan bo‘lib chiqdi. O’g‘irlik Petrogradda sodir bo‘lar ekan, «Yuk»ni allaqayoqqa Skandinaviyaning xususiy banklari orqali jo‘natayotib urib qolishar ekan. Aybdorlarni ham tez topishdi. Uritskiy, Volodarskiy va Kronshtadt ChKsining raisi Andronikov (Knyaz Andronikov Rasputinning do‘sti, Sinodning oberprokurori qoshida maxsus topshiriqlarni bajaruvchi sobiq mansabdor, podsho oilasi bilan bordi-keldisi bor. Pikul tomonidan «So‘nggi hudud oldida» romanida zavq-shavq bilan tasvirlangan: «Jahon proletariati» xo‘b g‘alati ijrochilar guruhiga ega bo‘lganda! Oktyabr to‘ntarishidan keyin Andronikov qonli Kronshtadt ChKsining boshlig’i bo‘lganiga shubha qiladiganlar bo‘lsa, «Lenin va VChK» degan kitobni ko‘rishsin. Moskva, 1975, 225). Parvusning chuqur xo‘rsinishdan boshqa iloji qolmagan edi. Uritskiy bilan Volodarskiy uning sevimli shogirdlari. Buyuk inqilobiy g‘oyalarga juda ham berilgan ko‘rinishardi. Boshqa ko‘plar qatori Leninning yoniga maxsus qo‘yib qo‘yilgan edi. Ularning nazoratida bo‘lsa Lenin biron kutilmagan nojo‘ya ish qilib qo‘ymaydi deb o‘ylashgan edi. Tekshirib ko‘rishni va’da qilishdi. Chindan ham juda tez fursatda hamma narsani aniqlashdi... Bir oydan keyin Volodarskiyning surobini to‘g‘ri qilishdi.

Berlindagi muzokaralar silliq o‘tmoqda edi. Ganetskiy moliyaviy ishlarga Berlin, Geydelberg va Syurix universitetlarida bejiz o‘qimagan edi. U qat’iy valyutani qaerda, qanday qilib, qaysi shartlar asosida joylashtirish kerakligini juda yaxshi bilardi. Lenin haqidagi zavqu shavqqa to‘la xotiralarida Ganetskiy huzurlanib o‘sha kunlarni eslaydi. Huzurlanmay o‘lsinmi — 1932 yilda GPU Shveytsariya banklaridan birida shaxsan Ganetskiyning nomida 60 million frank borligini aniqlagan. Ganetskiy yozadi: «Garchi zangori stol tevaragida nemis banklarining Mendelson, Glazenap va boshqa kazo-kazolari bilan uchrashishga unchalik ko‘nglim chopmayotgan bo‘lsa-da, delegatsiyamiz muzokaralarni chakki olib bormadi. Bu muzokaralar natijasida Brest-Litovskiy shartnomasiga qo‘shimcha bitimlar imzolandi. Bu bitimlarga ko‘ra, Germaniyaning moliyaviy da’volari bo‘yicha to‘lanadigan to‘lovlar miqdori aniq belgilangan va ayni chog’da, ichki iqtisodiy siyosat sohasida sovet Rossiyasining to‘la mustaqilligi ta’minlangan edi». Serzarda nemis bankirlari va ularning shveytsariyalik hamkasblari pullarni topish yo‘llari masalasida nimalardir deb e’tiroz bildirishga urinib ko‘rishgan. «Ammo biz ularning yuziga ro‘yirost aytdik — bizning ishlarimizga aralashmanglar, janoblar!» («Keksa bolsheviklarning xotiralarini o‘qisang, maza qilasan-da!»)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:31:59
Ganetskiy bankirlarning ko‘nglini ovlash bilan band ekan, Krasin sanoatchilar bilan shug‘ullandi. Rossiyada juda ko‘p mulkidan judo bo‘lgan va buning uchun biror-bir tovon undirish ilinjida yurgan dong‘i dunyoga ketgan Simens — uning o‘z so‘zlari bilan aytganda, Krasin bilan uchrashuvga german sanoatining ko‘zirlaridan «butun bir polk»ini taklif qilgan. Ular juda jiddiy odamlar sanaladi, o‘zlarining xalqaro obro‘-e’tiborlarini ko‘z qorachig‘iday avaylab ehtiyot qilishadi (bankirlar bu masalada jinday andishasizroq bo‘lishadi). Sanoatchilar avvaliga sergakroq turishdi. Shu tufayli ular yangi bino bo‘lgan Savdo Xalq Komissarining o‘tmishi bilan tanishib chiqishdan ham erinishmadi va narkomning «mana-man» deb turgan jinoyatlarga to‘la hayot yo‘li sanoatchilarga uncha ma’qul kelmadi.

Ammo tanlash uchun imkoniyat yo‘q - boriga qanoat qilish kerak edi. Bir tomondan quruqlikdagi frontlar iskanjasida, boshqa tomondan dengizdagi ingliz qamali tufayli bo‘g‘ilib qolgan Germaniya jon talvasasida edi — uning qo‘shinlari G’arbda Fransiyaning yarmini egallab turgan va sharqda Tiflis ko‘chalarida gursillatib qadam tashlayotgan bo‘lsalar-da, bu ularning ahvolini yengillatolmas edi. Dengiz savdosi 1914 yiddayoq to‘xtab qolgandi. Germaniyaning iftixori bo‘lgan va Kayzer juda boshqacha mehr qo‘ygan dengiz floti esa butun urush davomida mamlakatning burnidan ingliz sirtmog‘ini olib tashlash uchun bor-yo‘g‘i bir martagina qo‘rqa-pisa urinib ko‘rdi, xolos. Sanoatni qayta tiklamasa bo‘lmas edi. Krasin esa ularga xom ashyo taklif qilyapti. Yana shunaqa miqdordaki, buncha xom ashyo nemislarning tushiga ham kirmagan. Taklif qilinayotgan xom ashyo miqdorini ular 1917 yilning boshiga kelganda Rossiyada strategik xom ashyo zaxiralari qancha qolgani haqidagi razvedka ma’lumotlari bilan solishtirib ko‘rishadi. Yo Parvardigor! Butun urush yillarida rus sanoati ming mashaqqat bilan to‘plagan xom ashyoning hammasini supurib-sidirib olib ketishni taklif qilishmoqda. Shu gaplarning hammasi chinmikan? U yerda hokimiyat tepasiga kelganlar qanaqa odamlarikin? Bu ishlarda allanechuk firibgarlik yo‘qmikin? Bu takliflarni yana biron odam tasdiqlashi mumkinmi? Marhamat! «Germaniyaga tovarlar sotish va xarid qilishga taalluqli hamma masalalarda bevosita general konsullikka, janob V. R. Menjinskiyga murojaat qilinsin». Leninning aytishicha, bu odamning obro‘-e’tiborida tangadek dog‘ yo‘q... Xuddi shu paytda Ioffe bilan Menjinskiy qo‘li qo‘liga tegmay, vakolatxona va general konsullik nomiga ham quruqlikdan, ham dengiz yo‘lidan kelayotgan behisob yuklarni qabul qilish bilan ovora edilar. Ba’zi bir yashiklar bilan konteynerlarni tushirib ham o‘tirmay, to‘g‘ri Shveytsariyaga jo‘natib yuborishardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:35:17
Parvus hamma gapdan xabardor bo‘lganida bu ishlardan mamnun bo‘lardi, albatta. Ammo u ancha-muncha ishlardan bexabar edi. Bir amallab uning homiyligidan qutulib olgan Lenin sobiq ustoziga hamma rejalarini batafsil ma’lum qilish niyatida emasdi. Har tomoni diplomatik so‘rg‘ichlar bilan qoplangan ba’zi bir yashiklarda bolsheviklar tomonidan xorijga olib ketilayotgan tilla tangalar, yombilar, zargarlik buyumlari va san’at asarlari, platina hamda qimmatbaho toshlar yo‘q edi. Aksincha, bolsheviklar nemis tilida apil-tapil bosib chiqargan risolalar va varaqalar joylashgan edi. Ularda esa Germaniya ishchilari va dehqonlari o‘z mamlakatlarida hozir Rossiya boshidan kechirayotgan qonli boshboshdoqlik holatini joriy etishga chaqirilgandi. Ba’zi yashiklarda esa miltiqlar ham bor edi. Butun jahonga vabo tarqatishi mumkin bo‘lgan ajal urug‘i borgan sari yoyilib bormoqda edi. «Agar Rossiya boshiga solgan kunlarimizni Germaniya boshiga ham solish imkoniyati tug‘ilib qolsa, biz bu imkoniyatdan mutlaqo yuz o‘girmaymyz?» — deb e’tirof etgandi surbet Radek.

Xo‘sh, Menjinskiy-chi? U qanday gunoh qilgan ediki, xo‘jayini Dzerjinskiy Lubyankadagi ishlarini tashlab, kutilmaganda Shveytsariyaga kelishga majbur bo‘ldi? Gap Vorovskiy, Volodarskiy va keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Zinovev ham o‘g‘irlikka qo‘l urganida ham emas. To‘g‘rirog‘i, faqat shunda emas. Gap shu yoqda ediki, Parvus endi Leninga malol kela boshlagan edi. Yo‘q, yo‘q, u jahon proletariatining dohiysi bo‘laman deb da’vo qilayotgani yo‘q yoki matbuotda Ilich bilan nazariy bahslar olib borgani jur’at ham qilmadi (tabiiyki, Parvus «partiyaviy publitsistika» deb atalgan maraz haqida o‘ylashni allaqachon xayolidan ham chiqarib yuborgan edi). Ammo Lenin Parvus o‘z hayotida qanaqa rol o‘ynaganini va maxsus vagonda urushayotgan Germaniyadan o‘tar ekan, uning oldida zimmasiga qanday majburiyatlar olganini bir daqiqa bo‘lsin unutgani yo‘q edi. Lenin Parvusni juda xavfli guvoh deb bilar va bu fikrida jon bor edi. Bundan tashqari, rejaning muallifi Parvus edi, ammo reja o‘ng kelib, amalga oshib qolgandan keyin Leninning o‘zi unga muallif bo‘lishni xohlab qoldi.

Ammo bu ham hali eng asosiy sabab emasdi, asosiy sabab shunda ediki, Parvus o‘z baqaloq gavdasi bilan G’arb banklarining keng tarmoq yoygan tizimi bilan aloqa qilinadigan hamma yo‘llarni to‘sib olgan edi. Shu tarzda u qandaydir o‘yin qilar va buning oqibatida o‘z hamyoniga qancha urib qolayotgani ma’lum emasdi. Lubyanka yerto‘lasida xalqaro tajribaga ega bo‘lgan ancha-muncha keksa va pixini yorgan moliyachilar to‘planib qoldi. Ular qiynoqqa olingach (ko‘pincha esa qiynoqsiz ham) moliya dunyosidagi juda katta sirlarni va aloqalarni aytib berishdi. Bu esa Parvus ko‘zda tutgan ishlarni yanada kattaroq ko‘lamda Germaniyasiz ham amalga oshirish imkonini berardi. Ammo bu kelajakdagi ish, hozircha esa Parvus kerak edi. Shuning uchun uni yo‘qotish masalasi oraga tushgan bo‘lsa ham, hali fursati yetgani yo‘q deb tan olindi va kechiktirildi. Mutlaqo xolis bo‘lmoqlik uchun yana shuni e’tirof etish kerakki, 1918 yilning 19 iyulida Kremlda bo‘lib o‘tgan majlisda (shu majlisdan keyin Nikolay II va uning oila a’zolari otilgani haqidagi dastlabki ma’lumotlar butun dunyoga tarqagan edi) Parvusning familiyasi tez-tez tilga olinib turgan bo‘lsa-da, uni tugatish munosabati bilan emas, balki uning «Kam!» degan mashhur luqmasi va puxta o‘ylanmagan hamda nazoratsiz amalga oshirilgan ekspropriatsiya (milliylashtirish) haqidagi mutlaqo haqli mulohazalari munosabati bilan aytilgandi. Keyinchalik Leninning o‘zi ham bunaqa xitoblarda ruscha bo‘lmagan so‘zlarni qo‘llash ma’qul emasligini tan oldi va «Talanganni tala!» degan mashhur shiorini o‘rtaga tashladi.

Xullas: Eshitildi. Qaror qilindi. Keyin esa «qizil terror» boshlanib ketdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:38:58
Uritskiyni tugatishni buyurib va o‘ziga qarshi uyushtirilgan suiqasddan foydalanib, Lenin insoniyat tarixida birinchi marta aholining butun-butun qatlamlarini ommaviy qirib tashlashga fotiha beradi. O’shanda o‘limga mahkum qilinganlarning ijtimoiy ahvoli «burjuy» degan mujmal bir tamg‘a bilan belgilangan edi. Bo‘lg‘usi qurbonlarning ro‘yxati to‘ntarishdan keyinoq tayyorlana boshlangan edi. O’shanda «badavlat sinflar»ga mansub odamlar turar joyi bo‘yicha shaxsan Leninning buyrug‘i bilan ro‘yxatga olib chiqilgandi. Garchi «badavlat sinflar»ga mansub odamlar deyilgan bo‘lsa-da, amadda mamlakatning hamma aholisi to‘la-to‘kis qamrab olingandi. Leninning rus xalqining 90 foizi qirilsa qirilib ketsin, atigi 10 foizigina jahon inqilobiga yetib borsa bas, degan mashhur iborasi mislsiz bir ko‘lamda amalga oshira boshlandi. Bu ibora Leninning hamkorlarini juda qoyil qoddirgandi, to‘g‘ri, ular bu iborani mubolag‘a deb hisoblashgandi. Bu paytga kelib, bolsheviklar nazorati ostida bo‘lgan hududlar turli-tuman uezd, guberna va bo‘lis ChKlarning shunaqangi qalin to‘rlari bilan o‘rab olindiki, hatto, «Pravda» gazetasi ham «sho‘rolar hokimiyati» amalda «chekalar hokimiyati» bilan almashtirib bo‘linganini og‘zidan bol tomib qayd qilgan edi. Butun mamlakatni qoplab olgan ana shu idoralarga Moskvadan e’lon qilingan terrorning ma’nosini tushuntirib beruvchi qo‘llanmalar yuborildi: «Biz ayrim shaxslarga qarshi urush olib borayotganimiz yo‘q. Biz burjuaziyani sinf sifatida qirib tashlamoqdamiz. Tergov vaqtida ayblanuvchining sovet hokimiyatiga qarshi ish bilan yoxud og‘izda harakat qilganini isbotlovchi materiallar izlab o‘tirmanglar. Siz aybdorlarga beradigan birinchi savol uning ijtimoiy kelib chiqishi, olgan tarbiyasi, ma’lumoti va kasb-kori haqida bo‘lmog‘i kerak. Shu savollar ayblanuvchining taqdirini belgilab bermog‘i shart. «Qizil terror»ning ma’nosi va mohiyati ana shunda!»

Ammo uning ma’nosi rasmiy qo‘llanmaning bir shapaloq matnida ifodalanganiga qaraganda ancha chuqur edi. «Otib tashlash uchun bizga na dalil, na so‘roq, na gumon kerak. Biz lozim ko‘rsak bas, otib tashlayveramiz, vassalom!» — deb tobelariga uqtirgan Dzerjinskiy. Shu bilan u o‘z xodimlariga bu tadbirga «badavlat sinflar»ni shunchaki mahv etish deb emas, balki ancha kengroq qarash zarurligiga ishora qilgan. Gap, umuman olganda, butun xalq to‘g‘risida bormoqda edi. «Qizil terror» bilan bir paytda garovga olinganlar to‘g‘risidagi mashhur Buyruq ham e’lon qilinadi. Unda shunday deyilgan: «Burjuaziya va ofitserlardan juda ko‘p odam garovga olinmog‘i kerak. Oq gvardiyachilar orasida qarshilik ko‘rsatishga qaratilgan jinday urinish yoxud jinday xatti-harakat bo‘lsa, bunga qarshi hech qanday gap-so‘zsiz ommaviy otish tatbiq qilinmog‘i zarur». Terror bir zumda tizginsiz qonli qirg‘in tusini oldi. Mamlakatda uzoq yillar cho‘zilib ketadigan dahshatli va sertomir o‘zboshimchalikning poydevori o‘shanda qo‘yilgan edi. Biz bugun ham uning samaralarini ko‘rib turibmiz.

Ammo masalaga yanada chuqurroq qarasak, «qizil terror» bolsheviklarning shunchaki navbatdagi moliyaviy tadbiri bo‘lgan edi. Bolsheviklar aholining qo‘lida hali xalq banklari va Moliya Xalq Komissarligi tomonidan tortib olinmagan oz-moz pul qolganiga alam qilib, shu tadbirni o‘tkazgan edilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:41:20
Inqilobdan oldin falokat bosib dvoryan, savdogar, faxriy fuqaro, advokat, ofitser deb atalib qolgan, endilikda esa «burjuy» deb nom olgan sho‘rliklar istiqomat qiladigan uylarning hammasiga boshdan-oyoq qurollangan bolsheviklar yarim tunda bostirib kirar, sinchiklab tintuv o‘tkazar, pul va qimmatli ashyolarini tortib olar, odamlarning na jinsi, na yoshi, na sog‘lig‘iga qaramay, ba’zan esa, hatto, terlama bilan yotganlarni ham yupun kiyimda ko‘chaga sudrab olib chiqishar va avvaldan tayyorlab qo‘yilgan aravalarga o‘tqazib, soqchilarning miltiqlari ostida shahardan tashqariga olib chiqib ketishardi. Ularning bir qismini, ayniqsa, yosh va baquvvat yigitlarni joyida otib tashlashar, qolganlarini turli qamoqxonalarga tiqib tashlar edilar. Juvonlarni ko‘pincha zo‘rlashar, keyin o‘ldirib yuborishardi. «Burjuy»larning molu mulki go‘yo «ishchilarga tarqatish uchun» musodara qilinardi. Ammo o‘sha paytlarda, ya’ni butun mamlakat bo‘ylab ish tashlaganlar ommaviy tarzda otib o‘ldirilayotgan bir sharoitda keyinchalik ishchilarga nima tekkanini gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Oltin bilan qimmatbaho buyumlar topshirilar edi (ijrochilarning hamyoniga o‘rta hisobda ularning 15 foizidan ortig‘i kirmas edi), kitoblar, qo‘lyozmalar, iste’dodli loyihalar, bebaho arxivlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlab yuborilar, bir qismi o‘g‘irlanar, bir qismi esa chayqovchilarga sotilardi. O’z navbatida chayqovchilar bu buyumlarni sotayotganlarida qo‘lga olinib, ko‘pincha xaridorlar bilan birgalikda otib tashlanardi. Bularning bari u yoki bu ko‘rinishda butun mamlakat bo‘ylab sodir bo‘lardi. Ammo bular quyi darajada yuz berayotgan ishlar edi. Bir bahya yuqori darajada ish «salmoqliroq» asosda olib borilardi. Mabodo birorta odamning puli ko‘p deb taxmin qilinsa va hatto, ajnabiy banklarda yashirib qo‘ygan mablag‘i bor deb o‘ylansa, uni chaqirib olib, ochiqchasiga gaplashilardi: unga «sen ijtimoiy kelib chiqishingga, olgan tarbiyangga yoxud kasb-koringga ko‘ra tugatilishga mahkumsan, bundan qutulib qolishning iloji yo‘q. Ammo sho‘ro hukumati insonparvar hukumat, u o‘zining qonun-qoidalariga xilof bo‘lsa-da, sening hayotingni va erkinligingni saqlab qolishni taklif qiladi. Buning uchun sen tilla bahosida 400 ming so‘m to‘lashing yoki shunga baravar istagan valyutada pul berishing kerak. Buning evaziga to‘g‘ri xorijga jo‘nab ketaverasan», deyishardi. Kimda-kim bunga darrov ko‘nsa-yu, puli va qimmatbaho ashyolarini yashirib qo‘ygan joyini aytib bersa, uni boyliklarini hukumatdan yashirib kelganlikda ayblab otib tashlashardi. Agar bordi-yu, o‘jarlik qilib aytmasa, uni beqiyos qiynoqlarga duchor qilishar, ko‘z o‘ngida butun oila a’zolarini qiynashar, keyin esa, natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar, baribir, butun oilasi bilan birga otib tashlashardi. Asta-sekin taslim bo‘lib borganlarni turmada 1934 yilgacha ushlab turishgan va undan millionlarini oz-ozdan sug‘urib olishgan.
 
Lekin, rostini aytaylik — ba’zi odamlarni turmadan chiqarishgan ham, chunki ularning molu dunyosi behisob bo‘lgan, «inqilob shunqorlari» esa allaqachon poraxo‘rlik botqog‘iga shu qadar botib ulgurgan edilarki, ko‘pincha nafs balosi oldida tiz cho‘kishgan. Bu masalada, ayniqsa Petrograd ChKsi va uning inqilobiy Kronshtadt bo‘limi ajralib turgan. Bu bo‘limga biz yuqorida tanishgan knyaz Andronikov boshchilik qilgan. Uritskiy o‘ldirilgandan so‘ng «inqilob beshigi» hisoblanmish shahar ChKsiga Gleb Bokiy boshchilik qildi. U Dzerjinskiyning arzandalaridan edi, o‘zining sobiq boshlig‘i Uritskiyga qarshi suiqasdni zo‘r mahorat bilan uyushtirganidan so‘ng xizmat pillapoyalaridan juda tez ko‘tarila boshladi. Garovga olinganlardan pulini sug‘urib olish mahorati Moskvadagilarning hasadini qo‘zg‘agandi. Poytaxt hayvonot bog‘idagi jonivorlarni otilganlar go‘shti bilan boqish haqidagi fikr ayni shu Bokiyning miyasidan chiqqan. Olis mamlakatlardan keltirilgan hayvonlar qimmat turardi va bolsheviklar o‘ng kelib qolganda ularni kimlargadir pullashni ko‘ngillariga tugib qo‘ygandilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:42:21
Ammo eng muhimi bunda emas edi, albatta. Muhimi shunda ediki, Petrogradda garovga olinganlarni pul evaziga qo‘yib yubora boshlashdi. Moskvadagilar bu haqda Bokiyning muovinlaridan biri mashhur Yakovlevning maxfiy axboroti orqali xabar topishdi. Ma’lum bo‘ldiki, imperiyaning sobiq markazida sirli ishlar amalga oshirilayotgan ekan. Garovga olinganlarni pinhoniy ravishda qamoqqa oladilar, ularni allaqaylarda yashirin xonadonlarda saqlaydilar, juda katta miqdorda garov haqi haqida kelishib olishadi, keyin uni maxfiy ravishda fin chegarasidan o‘tkazib yuborishadi. Ulardan olingan pul hech qaysi kassaga kelib tushmaydi va rasmiylashtirilmaydi. Shu tarzda aslo xorijga chiqarib yuborilishi mumkin bo‘lmagan bir qator shaxslar omon qoldi. «Hozirgi paytda, — deb xabar qiladi Yakovlev, — Petropavlovsk qal’asida tutib turilgan sobiq ulug‘ knyazlar Nikolay Mixaylovich, Dmitriy Konstantinovich va Pavel Aleksandrovichlar bilan maxfiy muzokaralar olib borilmoqda. Ularga juda katta tovon evaziga ozodlik va xorijga jo‘natib yuborish va’da qilingan. Allaqachon katta miqdorda pul olingan. Kelishuvga muvofiq sobiq ulug‘ knyaz Aleksandr Mixaylovich, xotini Kseniya Aleksandrovna (sobiq podshoning singlisi) va oltita farzandi bilan xorijga o‘tkazib yuborilgan. U serfarzand odam bo‘lgani uchun aka-ukalar, u birinchi bo‘lib xalos bo‘lmog‘i kerak, degan to‘xtamga kelishibdi»(Ulug‘ knyaz Nikolay Mixaylovich jahon miqyosida tanilgan tarixchi. M. Gorkiy uning uchun iltimosnomalar yozgan. Lenin zo‘r javob bergan: «Inqilobga tarixchilarning keragi yo‘q!» Ulug‘ knyaz Georgiy Mixaylovich ham dunyo miqyosida tanilgan arxeolog, ko‘pgina ilmiy asarlar muallifi). Yakovlevning axborotidan ayon bo‘ladiki, Petrogradda shaxsiy boylik orttirish maqsadida aksilinqilobiy fitna amalga oshirilmoqda.

Sharmandali g‘alva ko‘tarildi. Gunohdan xoli bo‘lish uchun hamma ulug‘ knyazlarni zudlik bilan otib tashlashdi. Leninning bevosita ko‘rsatmasi tufayli shoshilinch o‘tkazilgan tergov bu «maxfiy operatsiya»ga Dzerjinskiy boshchiligida ChKning yuqori doiralari aloqador ekanini aniqladi. Dzerjinskiy, Bokiy va yana bir qator shaxslar egallab turgan lavozimlaridan vaqtincha chetlashtirildilar. Lenin Dzerjinskiyga baqirib, ChKni tarqatib yuboraman deb do‘q urdi. Dzerjinskiy tirjayganicha indamay turdi. U hazilni bilar edi. Baloga qolgan «surnaychi» topila qoldi. Petrogradda dabdabayu-as’asa bilan hammayoqqa jar solishib, ChK rayon bo‘limlaridan birining boshlig‘ini qamoqqa oldilar. U Kozirev degan odam ekan. Maxfiy xonadonda allaqanday ajnabiylardan zargarlik buyumlarini funt-sterlingga almashtirib olayotganda qamoqqa olindi. Uni oshkora, inqilobiy tarzda sud qilishdi. Buni qarangki, «o‘rtoq Kozirev juda tubanlashib ketgan ekan, u, hatto ChKning oshxonasidagi tilla tarelkalar, qoshiqlar va sanchqilarni o‘g‘irlagan». Ayblov hukmi bu tilla buyumlar ChK oshxonasiga qaerdan kelib qolganini aniqlagani yo‘q. Tabiiyki, sud vaqtida bu to‘g‘rida savol beradigan bironta mard topilmadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:42:55
Germaniya poytaxtiga qimmatbaho buyumlar daryoday oqib bormoqda edi. Mamlakatda qon bilan birga so‘rib olingan boyliklar G’arbga, xalqaro banklarning keng tarmoqlariga quyilardi. Davlatning asosiy boyligini tashkil qiluvchi tashabbuskor, tadbirkor, iste’dodli, mehnatkash xalqni ming-minglab go‘rga tiqishmoqda edi. Bironta mard bo‘lsa, mayli, chiqib aytsin: mamlakatni bosib olgan jinoyatchilar to‘dasining bu yurtni talab mahv etishdan boshqa biron maqsadi bo‘lganmi-yo‘qmi? Hamma narsani ikir-chikirigacha aniq hisob-kitob qilib yuradigan nemislar o‘zlarining 1918 yil noyabr oyidagi halokatlariga qadar «sovdepiya»dan olib chiqib ketgan narsalarini xatlab qo‘ygan ekanlar: 2 million pud qand, 9132 vagon g‘alla, 841 vagon yog‘och materiallari, 2 million pud kanop tolasi, 1218 vagon go‘sht, 294 vagon mo‘yna va hokazolar.

Bunga minnatdorlik yuzasidan nemislar baynalmilal armiyaga Don sari keng yo‘l ochib berishdi. Qanotlarida nemislarning madadini his qilgan baynalmilalchilar armiyasi Don kazaklari o‘lkasiga yorib kirdilar. Ularning qo‘lida Lenin bilan Sverdlov imzo chekkan dasturilamal bor edi: «Kazaklar muammosini... ularni yalpi qirib tashlash yo‘li bilan hal qilish kerak... Badavlat kazaklarga qarshi ommaviy terror o‘tkazib, hammasini bitta yo’q qilish kerak... Yonidan yo uyidan qurol chiqqan kishilarni, otib tashlash kerak... Hamma pul va qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, daromad daftariga yozish va topshirish zarur...» Ayni shu kezlarda sho‘ring qurg‘ur Gitler bemorxonada yotib, inglizlarning gazli hujumidan keyin endigina o‘ziga kelmoqda edi...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:43:35
1918 yilning noyabrida Germaniya quladi va taslim bo‘ldi. Bundan avvalroq sovet elchisi Ioffe varaqa tarqatayotganda qo‘lga tushib qolib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan edi.

To‘g‘ri, ko‘p o‘tmay u yana qaytdi, ammo bu gal to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovet elchixonasining hovlisida varaqa emas, miltiq tarqatdi. G’arbiy ittifoqchilar tomonidan nemislar zimmasiga yuklangan taslim shartlari ancha qattiq edi - unga ko‘ra Germaniya tomonidan bosib olingan hamma hududlardan nemis qo‘shinlari tezlik bilan olib chiqib ketilishi zarur edi. 1918 yil 3 noyabrda yarim kechada Petrograddagi nemis konsuli Zinovevning huzuriga xayrlashuv tashrifi bilan bordi. O’tgan yil davomida ularning hamkorligi chakki bo‘lmagandi. Kominternning raisi bo‘lgan Zinovev Petrograddagi Andronikov, Uritskiy va Volodarskiy bilan bog‘liq mojarolarga aralashib qolgan edi. Lenin buni «xalqaro» janjalga aylanishini istamaydi va Zinovevni shu g‘alvalardan omon-eson olib chiqib ketadi.

Zinovev konsul bilan bir oz asabiy holatda xayrlashdi. Har jihatdan puxta o‘ylangan olamshumul reja nihoyasiga yetmoqda edi. Bu reja har ikki tomonga ham beqiyos darajada katta daromad keltirdi. Hozircha Boltiq bo‘yi orqali aloqa yo‘li ishlab turipti. Uni fon der Goltsning «temir grenaderlari» muhofaza qilishmoqda, ammo shunday bo‘lsa-da, hamma orzu-umidlar chippakka chiqib bo‘lgandi. Hozirgi sharoitda, hatto, fon der Goltsning ham hech narsaga kuchi yetmasligi aniq edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:44:02
Germaniyaning istiqboli va taqdiri g‘oyat tumanli edi. Bolsheviklar ham undan battarroq ahvolda qolgandi. Nemislarning madadidan mahrum bo‘lgach, ular nima ham qila olardi? Nemislar juda katta ish qilishdi - hang-mang bo‘lib qolgan rus jamiyatidagi har qanday kuchlarning bolsheviklarga qarshi uyushgan tarzda bosh ko‘tarishga urinishiga aslo yo‘l berishmadi. Shu jumladan, Don va Kuban kazaklari bilan Ko‘ngilli armiya o‘rtasida tug‘ilib kelayotgan qudratli ittifoqni yo‘q qilishdi.

Ammo nemislar Kremldagi to‘dani faqat urush tugaguncha saqlab turishini o‘ylashgan edi. Nemislar urushni harholda g‘alaba bilan yoki hech bo‘lmaganda o‘zlari uchun faxrli sulh bilan yakunlashni mo‘ljal qilishgandi. Bir tomondan, Kremlda Libknext va Lyuksemburg tomonidan berilgan kafolat bor edi - unga ko‘ra Germaniya bugun bo‘lmasa, ertaga Rossiya singari chohga qulatilmog‘i kerak edi. Shuning uchun Germaniyaga qochish rejasi deyarli o‘zgarmasdan qolgandi. 1917 yildayoq ishlab chiqilgan bu reja bo‘yicha afsonaviy tarzda juda tez g‘oyib bo‘linardi. Ikki marta bu reja harakatga kelayozdi. Birinchi marta nemis elchisi Mirbax o‘ldirilganda - o‘shanda nemislar Moskvani bosib oladi deb o‘ylashgandi, chunki nemislarning sabr-toqati tamom bo‘ldi, deb hisoblashga hamma asoslar bor edi. Ikkinchi marta esa inglizlarning Arxangelskka askar tushirgani haqidagi xabar yetib kelganida. Negaki, ularga qarshi turadigan hech qanday kuch yo‘q edi. Ammo inglizlar Kremldagi vahima-yu, haqiqiy ahvoldan mutlaqo bexabar edilar. Ular biror yoqqa hujum qilishni xayollariga ham keltirishgani yo‘q. Ularga urushning oxirgi yilida Arxangelsk portida to‘planib qolgan tog‘-tog‘ qurolni nazorat ostiga olish yuklatilgandi, chunki inglizlar bu qurollarni bolsheviklar nemislarga berib yuborishidan xavotirda edilar. Endi esa uchinchi marta yana o‘sha rejani amalga oshirishga ehtiyoj paydo bo‘ldi - hozir «tayyorgarlik davri» e’lon qilingandi, chunki nemislar ketgandan keyin mamlakatdagi ahvol qanday bo‘lishi mutlaqo noma’lum edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:44:54
Nemis konsuli har qanday diplomat zimmasiga yuklatiladigan burchni o‘tab, o‘tgan yil davomida Germaniya va RSFSR hukumatlari o‘rtasida juda samarali hamkorlik bo‘lganini aytdi va endi bu faoliyat nihoyasiga yetgani uchun taassuf bildirdi. Surbet Zinovev esa diplomatik odob doirasida qolishni lozim ko‘rmadi — sirasini aytganda, u bu odobni bilmas ham edi. Kominternning boshlig‘i bir zamonlar boshlang‘ich inqilobiy ma’lumotni Odessa baqqollaridan olgan edi — hozir konsulga o‘shalarning tilida xitob qildi: «Nimasiga taassuf qilasiz? Brest sulhiga ko‘ra ancha narsa o‘mardinglar. Mamnun bo‘lsalaring ham bo‘laverardi».

Kayzer diplomatiyasining eski maktabi o‘z vakillari har qanday vaziyatda ham temir bardoshli bo‘lishini, bosiqligini yo‘qotmasligini juda qadrlardi. Konsul o‘zini bosdi, lekin shunday bo‘lsa-da, Zinovevga javob berishda diplomatik odobga jinday xilof ish tutdi: «Brest sulhi kimga ko‘proq foyda keltirdi — sizgami, bizgami? Bu hali ma’lum emas». Shunday deb ular xayr-ma’zur qilishdi.

Nemislarning ketishi bolsheviklarga qarshi kurashayotgan milliy kuchlarni ilhomlantirib yubordi. Ular tarqoq va kuchsiz edilar, qurollari ham yo‘q darajada edi. Ularni nemis nayzalari va ittifoqchilarning befarqligi tiyib turardi, lekin, shunday bo‘lsa-da, ular Rossiyaning boshiga tushgan bu kasofatni uloqtirib tashlashga jon-jahdlari bilan urinib ko‘rishdi. Sobiq imperator armiyasidagi bir hovuch katta ofitserlar o‘zlarining oz sonli askarlari bilan dadil harakat qilib, Rossiyaning bosib olingan Markaziy va Sharqiy rayonlariga shiddatli hujum qila boshladilar. Ammo afsuslar bo‘lsinki, bolshevizmning zaharli mikroblari oq armiyaning orqa tomonini ham va undan ko‘proq darajada armiyaning o‘zini ham zaharlab ulgurgan edi. Leninning «Rossiyaga tupurdim, chunki men bolshevikman» degan so‘zlarida aniq ifodalangan bu mikrob yalpi tenglik hakidagi ayyuhannoslar bilan birga rus jamiyatining Lenin dekretlarida «dushman sinflar» deb atalgan va ayamay mahv etilayotgan tabaqalarini ham qamrab olgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:45:35
General Denikin hasrat bilan eslaydi: «Chayqovchilik beqiyos ko‘lamda yoyildi. U o‘zining jinoyatkorona doirasiga turli-tuman toifalar, har xil partiyalar va turli kasb-korga mansub odamlarni jalb qildi... Hech shubha yo‘qki, qimmatchilik va u bilan chambarchas aloqada bo‘lgan chayqovchilikning tub sabablari ayrim odamlarda emas, balki xalq hayoti va xo‘jalikning umumiy hodisalaridadir. Ularni vujudga keltirgan narsa, umuman, pul muomalasi va tovar almashtirishning izdan chiqqani, mehnatdan putur ketgani, urushu inqilob oqibatida kirib kelgan yana boshqa ko‘pgina moddiy va ma’naviy omillardir... Davlat mablag‘larini o‘g‘irlash, poraxo‘rlik, haromxo‘rlik oddiy hodisa bo‘lib qoldi, butun boshli birlashma va uyushmalar bu dardga chalindi. Maoshlarning kamligi va o‘z vaqtida berilmasligi bu hodisalarning sabablaridan biri bo‘ldi. Masalan, temir yo‘l transporti o‘z xodimlari tomonidan ayovsiz talandi. Oddiy yo‘l bilan poezdda yurish va unda yuk jo‘natishning iloji bo‘lmay qoldi.

Don hukumati Kubandan to‘g‘ri yo‘l bilan g‘alla olishga erisholmagach, uni xarid qilishni yirik ishbilarmon Moldavskiyga topshirdi. G’alla Don hukumatiga haddan tashqari qimmatga tushgan bo‘lsada, chindan ham katta miqdorda kela boshladi. Moldavskiyning odamlari oddiy stanitsa mirzasi-yu, temir yo‘lning moylovchisidan boshlab eng kattalarigacha og‘izlarini moyladi. Hatto, Kuban Radasida Moldavskiy butun ma’muriyatni aynitib yuborgani haqidagi masala ko‘tarilgan edi. Ammo menga shunday tuyuldiki, Radaning zorlanishi uncha o‘rinli emas, negaki oluvchilarni ham, beruvchilarni ham birini-biriga ursa bo‘ladi. Qonunga chap berish an’anasi butun xalq hayotiga singib ketgan edi. Bu har xil katta-kichik firibgarlar va muttahamlarni paydo qildi. Shaharlarda buzuqchilik, jinoyatchilik, piyonistalik, qimorbozlik uchchiga chiqdi. Frontdan kelayotgan ofitserlar bu botqoqqa boshlari bilan sho‘ng‘idilar. «Hayotning ikki pullik qimmati yo‘q. Bir kun bo‘lsa ham yashab qol!» O’lat vaqtidagi maishat edi bu!»

Hatto mana shunday sharoitda ham asr boshidagi iste’dodli rus sarkardasi o‘z qo‘shinini shiddat bilan Moskva sari boshlab borgan. General Denikinning armiyasi qudrati ravnaq topgan yillarda ham 150 ming kishidan oshgan emas, shunga qaramay, u bir necha oy mobaynida juda katta hududni bolsheviklardan tozaladi. U Xarkov, Poltava, Kievni ozod qildi (nemislar Ukrainadan chiqib ketayotib, Kievni Leninga berib ketishgandi). Voronej va Oryolni egalladi. Kuchlarini yangidan saralash maqsadida to‘xtagan Denikin Moskvani ishgol qilish uchun kazak generali Mamontovning 7000 qilichga ega bo‘lgan otliq korpusini yubordi. Mamontovga berilgan buyruqda uning vazifasi aniq ko‘rsatilgan edi: «Siz yo‘l-yo‘lakay aholining aksilbolshevistik kayfiyatdagi toifasi hisobiga saflaringizni to‘ldira borib, Moskvaga hujumni kuchaytirishingiz kerak. Hujum vaqtida dushmanning orqa tomonini tor-mor qilish va Moskva yo‘nalishidagi asosiy yo‘llarni nazorat ostiga olish zarur. Toki bu yuqorida zikr etilgan yo‘nalishda armiyaning umumiy harakatiga qulaylik tug‘dirsin».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:46:13
Qizil baynalmilalchilar frontini osongina yorib o‘tgan Mamontov chavandozlari Rossiyaning qadimiy poytaxti sari yo‘l oldi. Ammo uning hujumkorlik ruhi bir lahzada so‘ndi. Har bir shaharda, aholi yashaydigan har bir manzilda mahalliy chekalar va inqilobiy qo‘mitalarning yerto‘lalari Alibobo g‘oridagidek afsonaviy boylikka to‘la edi. Kazaklarning nigohi oldida behisob oltin, duru javohirlar, zargarlik buyumlari, tangalar, yombilar, san’at durdonalari namoyon bo‘ldi. Bir zumda kazaklar oltin vasvasasiga uchradilar. Hamma harbiy vazifalar bir zumda esdan chiqdi. Moskvaga yurish qilish o‘rniga Mamontov uyushgan qarshilikka deyarli duch kelmay, ChK va RVK yerto‘lalarini tozalash bilan shug‘ullandi.

Bu voqealarga shohid bo‘lganlarning so‘zlariga qaraganda, kazaklar o‘ljani qo‘lga kiritgach, orqaga — Denikin armiyasi bilan qo‘shilishga emas, balki uyiga - Donga qarab yo‘l olganida, Mamontovning karvoni 60 chaqirimga cho‘zilib ketgan ekan. Tinch Donning shonu-shavkatga to‘lgan kunlari, XVI—XVII asrdagi dorilamon zamonlar go‘yo qaytib kelganday edi. U paytlarda Donning shunqor yigitlari uzoq-yaqin elatlar ustiga tez-tez bosqin qilib turishar va har gal o‘z kulbalariga boy o‘ljalar bilan qaytishardi. Mamontovning korpusi armiya qanotini yalang‘och qoldirib o‘z yurtiga qaytib keldi. Kazaklar o‘zlarining stanitsalari va xutorlariga tarqab ketishdi. Novocherkasskda butxonalarning qo‘ng‘iroqlari chalinib, bosqindan qaytgan Mamontov korpusini qutladi. Zabardast general 2000 kazakni o‘zi bilan olib keldi, besh ming kazak yo‘l-yo‘lakay tum-taraqay bo‘lgan edi. Hamma behad shod edi. General Mamontov o‘ljaning shaxsan o‘ziga tegadigan ulushidan Novocherkassk cherkovlarining butlari va gumbazlari uchun 20 pud tillani iona qildi. (O, bu tillalarning g‘alvasi hali keyin chiqadi. GPU va NKVDning favqulodda tergov komissiyasi 1941 yilga qadar sobiq mamontovchilardan bu tillani astar-avrasi bilan birga sug‘urib oladi. Ularning hammasi xatga tushadi. Hatto xorijga qochib ketganlar ham qolmaydi. Mamontovning omadi kelib, ko‘p o‘tmay o‘lib ketadi. U partiya oltiniga qo‘l ko‘tarib, Oqlar ishini barbod qilganini anglamay, olamdan ko‘z yumadi.)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:46:48
Qozonda avj olgan qizil terror sakkiz oy mobaynida partiya xazinasini oltinga to‘ldirdi. Ammo Qozondan shu qadar zudlik bilan shataloq otib qochishga to‘g‘ri keldiki, oqibatda hech narsani olib ketishga imkon bo‘lmadi. Garovga olingan mahbuslarni otib tashlashga bazo‘r ulgurdilar, xolos. Chekaning yerto‘lalari murdalarga to‘lib ketgan edi, shuning uchun oltinlarni mahalliy bankning keng yerto‘lalariga qo‘ygan edilar. Bolsheviklar shahardan chiqib ketgan, oqlar esa hali shaharga kirib ulgurmagan bir paytda, olg‘ir olomon naqd to‘rt soat mobaynida bankni rosa taladi. Yirtqich bir qiyofa kasb etgan olomon eshiklarni parchalab, bir-birlarini bosib-yanchib, suyaklarini sindirib, qiyqirib, baqirib-chaqirib, ensizgina aylanma zinada duch kelganlarni toptab o‘ldirib, oltinlarga va qimmatbaho toshlarga tashlandi. Tilla tangalar va duru javohirlarni chelaklarda, qalpoqcharda, etiklarda, tog‘orachalarda, ko‘ylaklardan qilingan xaltalarda, hovuchlarida tashidilar. Ammo olomonning bu ur-yiqit taloni Lenin uyushtirgan muntazam va izchil talovchilikdan shu bilan ajraladiki, olomon talonida unchalik ko‘p narsani olib ketolmaysan.

Oq askarlar o‘q uzib olomonni quvlagach, bank binosini o‘z himoyasiga oldilar. Bu bankdagi oltinlar keyinchalik yomonotliq bo‘lib dong‘i chiqqan Kolchak qo‘liga o‘tgan edi. Bu tillalarning izini hanuzga qadar topolmaydilar. Admiral Kolchakning armiyasi uncha ko‘p shaharni egallagan emas, ammo qo‘lga kiritgan shaharlarida admiral 8878 pud, ya’ni 142 tonna oltin to‘plagan. Uning bir qismi qurol-aslaha sotib olishga sarflangan, bir qismini esa Kolchak o‘z hayotini xavf ostida qoldirib, xorijga chiqarib yuborgan va u yerda tillalarni o‘g‘irlab ketishgan.

Moskva vahimada qolgandi, biroq Petrograddagi ahvol ham bundan kam emas edi. Shaharga janub tomondan yarim gimnazist yigitchalardan tashkil topgan kichikkina armiya bilan Yudenich yaqinlashib kelmoqtsa edi. Bolsheviklar hali otib ulgurmagan odamlarni shoshilinch ravishda yo‘q qilishga kirishdilar. Butun-bugun oilalarni otib tashlashdi. «Agar yengib chiqsa, bizni uzoq vaqt eslab yurishsin!» Zinovev qo‘rqqanidan joni chiqib ketguday ahvolda edi. Lenin telegrammalar yo‘llab unga madad bergan bo‘ldi. Telefammalarda ishchilarni qurollantirib, Yudenichga qarshi tashlashga, chekinishni xayollariga ham keltirmaslik uchun «baynalmilalchi»larning pulemyotlarini qo‘yishga maslahat berilgandi. Safarbar qilingan ofitserlarning oilalarini garovga olish kerakda, agar Yudenichning hujumi to‘xtatilmasa, oilalari otib tashlanishi haqida ularni ogohlantirib qo‘yish shart. Hammasini otish kerak. Ayniqsa, sobiq yirik harbiylar va amaldorlarning hammasini yoshiga qaramay otib tashlash zarur. Ularning yonida hech mirisi yo‘q, lekin har baloni kutsa bo‘ladi. Ommaviy qatllar bo‘ronida ajoyib rus sarkardalari, flot boshliqlari, olimlar nobud bo‘ldi: Admiral Skridlov, Iessen, Shtakelberg, Baxirev va Razvozovlar... Ammo faqat ommaviy qirg‘inlar bilangina bo‘lg‘usi halokatning alamini olish mumkin emas edi. Boshqa choralar ham ko‘rildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:47:28
Avvaliga hamma narsa odatdagidek o‘ta uquvsizlik bilan qilindi. Dag‘-dag‘ qaltirab otilishini kutib turgan garovga olingan badavlat odamga ko‘chmas mulkini boshqa bir shaxsga sotish taklif qilinardi. Xaridor ko‘pincha ajnabiy fuqaro bo‘lardi. Har ikki tomonning imzolari va shaxsiy muhrlari qo‘yilgan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilardi. Bu ko‘chmas mulk (zavodlar, magazinlar, kemalar, temir yo‘llar, nashriyotlar va hokazolar) allaqachon tortib olib qo‘yilganini hech kim eslamas edi. O’limga mahkum qilingan odam ham hech qanaqa ortiqcha savol berib o‘tirmas edi, chunki mulkini sotishi evaziga uning hayotini saqlab qolish va’da qilinardi. Ish bitgandan so‘ng esa garovga olingan odam otib tashlanar, unga taalluqli hamma hujjatlar yo‘q qilinardi. U odam dom-daraksiz g‘oyib bo‘lganga chiqarilardi. Uning hamma mulkiga esa boshqa odam egalik qilaverardi.

Shunday qilib bolsheviklar, hozirga til bilan aytganda, begonalarning mulkini privatizatsiya qilish yo‘li bilan bozorga kirmoqchi edilar. Agar, aytaylik, oqlar g‘alaba qozonsalar, birinchi navbatda qisqa fursatlarda xo‘jalikni izga solib yuborishlari kerak bo‘lardi. Biron zavod xususiy odamning qo‘lida bo‘lsa, oqlar buni, albatta, ma’qullagan bo‘lardi. Zavodning xo‘jayini avvallari hech kim tanimagan janob N. degan odam bo‘lib chiqdi. Ammo bu zavod Paramonov degan savdogarniki ekanini hamma yaxshi eslaydi. Janob N. hujjat ko‘rsatadi. Unda aytilishicha, savdogar Paramonov zavodni unga 1916 yildayoq sotib yuborgan ekan. Nega buni hech kim bilmagan? Bu tijorat siri. Gap shundaki, zavodning sobiq xo‘jayini juda og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan va bundan odamlar voqif bo‘lishini istamas edi. Qaerda u hozir? Noma’lum. Janob N. aytadiki, savdo pishgandan keyin u Rossiyadan xorijga ketgan edi, janob Paramonovni 1916 yildan beri ko‘rgani yo‘q. Qanaqa zamonlar bo‘lganini bilasiz-ku? Hamma har yoqqa tirqirab ketdi. «Ammo shunday ma’lumotlar ham borki, Paramonov bolsheviklarning qo‘liga gushgan va butun oilasi bilan otib tashlangan». «O, Parvardigor! Qanday vahshiylik-a! Juda ajoyib odam edi marhum!»

Albatta, ba’zan bunday ishlarning pachavasi ham chiqqan. Har xil fosh qilishlar bo‘lib turgan. Har narsani kavlashtiradigan jurnalistlar bunaqa ko‘zbo‘yamachilik qanday amalga oshirilgani haqida biron dadil farazni o‘rtaga tashlashlari ham ehtimoldan xoli emas edi. Ular guvohlar ham topishi va mamlakatning butun iqtisodiyoti bolshevik josuslarning qo‘lida deb shovqin ko‘tarishlari mumkin edi. Ammo aksariyat hollarda dalil-isbot topishning iloji bo‘lmasdi. Dalil-isbot topilmadi, deb o‘z iqtisodiyotingni xarob qilmaysan-ku! Hammasi ishlab turibdi. Yana nima kerak? Zavod egalarining siyosiy e’tiqodlariga kelsak, bu endi ikkinchi darajali masala.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:48:18
Bir oz keyinroq ChKda fafologlar va qalbaki pul yasovchilar bo‘limi paydo bo‘lgandan so‘ng garovga olinganlarga hech qanaqa taklif  bilan murojaat qilmay qo‘ydilar - endi ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri otib tashlashar, kerakli hujjatlarni esa juda o‘xshatib mustaqil yasab, o‘zlari rasmiylashtirar edilar. Juda katta miqdorda soxta bank daftarlari, veksellar, qarz haqidagi tilxatlar, oldi-sotdi hujjatlari rasmiylashtirildi. Ular 1912 yilgacha har xil sanalarga ega bo‘lib, ancha-muncha mashhur odamlar nomidan yasalgan edi. Bu odamlarning bir qismi o‘z ajali bilan o‘lib ketgan, yana bir qismi esa mahv etilgandi. Bunday odamlar ko‘pincha nafaqat oilasi bilan yo‘q qilinardi, agar qo‘lga tushib qolishsa, yaqin xodimlari ham otib tashlanardi.

Bularning barini, tuzum barbod bo‘lib, mamlakatdan qochishga to‘g‘ri kelib qolganda amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Ammo bolsheviklar o‘zlarining 74 yillik hukmdorlik davrlarida hech qachon ertangi kunlari uchun bexavotir yashamadilar. Shu paytga qadar o‘zlarini uloqtirib tashlamaganlari uchun ularning o‘zi ham ko‘p hayron qolganlar. Shu sababdan reja doimiy ravishda yangilanib, tuzatilib borilgan va u, hatto, bizning kunlarimizgacha ham yetib kelgan. Ammo afsuski, tuzum qulamadi. «Biz Rossiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bevosita tarzda onasini, otasini, akasini, qizini, o‘g‘lini yoki umuman, bironta yaqin odamini o‘ldirmagan bitta ham xonadon yo‘q, - deb taajjub bilan yozadi Buxarin. — Shunday bo‘lsa ham Feliks juda xotirjam tarzda deyarli hech qanday soqchilarsiz (hatto, ba’zan kechalari) Moskva ko‘chalarida piyoda yuradi. Biz unga bunaqa oliftagarchilikni taqiqlaydigan bo‘lsak, u ijirg‘anib kuladi-da: «Nima? Chog‘lari kelmaydi itvachchalarning», - deb javob beradi. Ha, unish gapi to‘g‘ri: jur’atlari yetmaydi... Ko‘p qiziq mamlakat-da!» Va bu mamlakatda chindan-da ko‘p g‘alati voqealar sodir bo‘lgan. Xorijdan Moskvaga quyidagi mazmunda maxfiy ma’lumotlar kelgan: «Kroyz va Funa (Bern) bankidagi hisob shifrini yechishga muvaffaq bo‘lindi. V - lotincha, S - lotincha, uch yuz qirq sakkiz o‘n besh to‘qson olti nol-nol o‘n yetti, zet — lotincha, T. Joriy hisobdagi bir million 800 ming shveytsariya franki Nikodim Panteleevich Parfenovniki. U «Kavkaz va Merkuriy» jamiyatining hissadori. Hisobning devizini aniqlashning iloji bo‘lmadi. Kerd». Dzerjinskiy Shveytsariyaga bejiz bormagan edi. Parvusning urinishlari ham behuda emasdi. Banklar nafaqat qon yuqi saqlanib qolgan tillalarni qabul qilgan, balki o‘zlarining mijozlariga ChKni gij-gijlatishdan ham toymagan. Negaki, yuqoridagiga o‘xshash xufiya xatni faqat bank xodimigina yuborishi mumkin. Maxfiy maktubga quyidagi ma’lumotnoma biriktirib qo‘yilgan: «Nikodim Panteleevich Parfenov ko‘prik quruvchi injener, zavod egasi, Volga-Kaspiy daryo kemachiligi uyushmalarining hissadori. Hozirgi paytda Kievda oqlar qo‘li ostida».

Hechqisi yo‘q. Kutamiz. Hech qayoqqa ketolmaysan, azizim. Devizingni ham, pulni olish uchun zarur bo‘lgan boshqa narsalarni ham o‘zing aytib berasan. Kerak bo‘lib qolsa, xorijdan ham seni topib olamiz.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:49:21
Albatta, yangi hokimiyat boshliqlari bilan qay bir darajada aloqada bo‘lgan odamlarning hammasi karmonlarini valyuta va tilla tangalarga to‘ldirib olishgan edi. Negadir u paytlarda bu kimga mumkin-u, kimga mumkin emasligi hali uncha aniq emas edi. Ajnabiy valyuta bilan qo‘lga tushganlar orasida, hatto, Finlyandiya temir yo‘lining 293-nomerli «mashhur» parovozining haydovchi-mashinisti Yalava ham bor edi. U to‘ntarish arafasida Leninni o‘z parovozida Petrogradga olib kelgandi. Bir-birini takrorlovchi ko‘pdan-ko‘p dekretlar va farmonlarda ajnabiy valyutani va oltinni saqlagani uchun hech qanday sudu tergovsiz otib tashlash ko‘zda tutilgan edi. Bordi-yu, juda omading kelib qolsa, molu mulking musodara qilinardi. Mashinist sho‘rlikni shaxsan Leninning o‘zi qutqarishga jazm qildi. Taniqli chekist-jallod Unshlixtga jahon proletariatining dohiysi yozadi: «O’rtoq Yalavani 1917 yildan beri shaxsan taniyman. Uning halolligiga shak-shubha yo‘q ekanini tasdiqlayman. Undan olib qo‘yilgan pullarni darhol qaytarib berish to‘g‘risida ko‘rsatma berishingizni iltimos qilaman. Ko‘rsatmangizdan bir nusxasini uni bajarishga javobgar odamning ism-familiyasi bilan birga menga jo‘natishingizni so‘rayman.

Ikkinchi: o‘rtoq Yalavaning uyida o‘tkazilgan tintuv haqidagi hamma hujjatlarni talab qilib olsangiz-da, menga jo‘natsangiz. Ilovani qaytarishingizni so‘rayman. Kommunistik salom bilan Lenin».

«O’rtoq Leninga, - deb shoshilinch telegramma jo‘natadi Unshlixt. — Mavjud qoidalarga ko‘ra ajnabiy valyuta musodara qilinishi kerak. Petrograd Guberna ChKsi shunday qilgan ko‘rinadi. Yalavaning qachon va qaerda qamoqqa olingani ko‘rsatilmagan. Bu Sizning topshirig‘ingizning zudlik bilan ijro etilishiga ta’sir qiladi. Kommunistik salom bilan Unshlixt».

Telegramma ustida Leninning rezolyutsiyasi bor: «O’rtoq N. Gorbunov!.. Natijasini menga ma’lum qiling: 1) Pullar qaytarildimi? 2) Yalava qanday jazoga tortildi va uni qachon o‘tab bo‘ldi? 11—V.I. Lenin».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 01 May 2011, 01:50:00
Ish boshqaruvchining so‘roviga VChK «Tilla, kumush va ajnabiy valyutadan boshqa hamma narsa qaytarib berildi», deb javob bergan.

Shunday qilib, Skandinaviya banklariga tilla olib borib turgan Yalava qo‘lga tushib qolgan, negaki, uncha-muncha pul uning «hamyoniga ham o‘tib qolgan». Tabiiyki, bu ma’lum bo‘lgan va pulni olib qo‘yishgan.

Ammo eski xizmatlari bor odamlarning hammasi ham bunaqa oson, ya’ni oddiy musodara bilan qutulgan emas. Kronshtadt ChKsining raisi dongdor knyaz Andronikov bunga misol bo‘la oladi. Knyaz katta o‘g‘irlik qilar, lekin o‘lguday ishlar ham edi. Kronshtadt orqali yuklarni Germaniya va Skandinaviyaga va undan nari, Amerika Qo‘shma Shtatlariga jo‘natishdan tashqari, u yana mashhur Kronshtadt turmalaridagi har bir mahbusni qo‘lidan o‘tkazardi. Bu yerga eng ashaddiy, eng o‘jar, har qanday qiynoq ostida ham molu-mulkini berishni istamagan, oldi-sotdi hujjatlariga imzo chekmagan, o‘z hisob raqamini aytmagan mahbuslar jo‘natilardi. Sobiq knyaz ularning har biri bilan shaxsan o‘zi alohida ish olib borar, ularning ichidagi hamma gapni sug‘urib olar, lekin boshliqlariga bilib olganlarining hammasini ham aytavermas edi. Bu borada uning o‘z maxfiy hisob-kitob daftari bor edi. U ikki marta Uritskiyning ishidan ham, Bokiyning ishidan ham omon chiqdi, juda ustalik bilan pullarini Shveytsariya va Shvetsiya bankidagi o‘z maxfiy hisobiga o‘tkazdi, ammo u ham soddaligiga borib, banklardan Kremlga maxfiy axborot kelib turishidan bexabar edi... «Haddan tashqari muhim» va maxfiy ishlarni knyaz-chekist to‘ntarishdan oldin ham, keyin ham bajargan. Kronshtadt ChKsiga Lenin va Dzerjinskiyning tavsiyasi bilan tayinlangan knyaz Kronshtadt sohillaridan allaqanday anglab bo‘lmaydigan bayroqlar ostida, ko‘pincha esa, hech qanday bayroqsiz Boltiq dengizining tumanli zulmati qa’riga ketayotgan sirli kemalar qayoqqa yo‘l olganini va qanday yuk olib ketayotganini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun Germaniya halokatga uchrashi bilanoq, u bilan ham hisob-kitob qilish fursati keldi. Ammo knyaz Andronikovga o‘xshagan odamni oradan ko‘tarib tashlash uncha oson ish emasdi. ChKda juda katta obro‘-e’tiborga ega edi. Shuning uchun ishni haddan tashqari noziklik bilan olib borish kerak edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:46:05
Leninning huzurida bunaqa nozik ishlarni bajaradigan maxsus guruh bor edi. Bu kichkina guruhning ChKga hech qanday aloqasi yo‘q bo‘lib, Xalq Komissarlari Soveti Boshqarmasi qoshida hisobda turardi. Ular partiyaning ichki mojarolarini hal qilish bilan, ayniqsa, partiyaga inqilobdan oldin kirgan eski bolsheviklarning nojo‘ya ishlarini taftish qilish bilan shug‘ullanardi. Partiya nazorati komissiyasiga sal-pal o‘xshab ketardi-yu, lekin juda katta vakolatlarga ega edi. Knyazning kirdikorlarini ChK emas, ana shu guruh tekshirdi. Buning uchun Lenin Petrogradga — Zinovevga quyidagi mazmunda maxfiy xat jo‘natdi: «O’rtoq Zinovev! Tajribali, mutlaqo ishonsa bo‘ladigan partiya a’zolaridan iborat bir komissiya tuzib, unga Kronshtadtda ChKda xizmat qilayotgan sobiq knyaz (Rasputinning, Dubrovinning oshnasi va hokazo) Andronikovning xulqini taftish qilish topshirilsin. Xalq Komissarlari Sovetining Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Sobiq knyazning hamma kirdikorlarini esga olishdi — uning Rasputin bilan oshnachiligi ham, Dubrovin bilan hamtovoq bo‘lgani ham, Sinodda ishlaganlari-yu, podsho saroyidagi ishlari ham tilga olindi, lekin uni Germaniya foydasiga josuslik qilgan deb otib tashlashdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:46:34
1919 yilning 1 martida Moskvada so‘l sotsial-demokratik partiyalarning xalqaro s’ezdi ochildi. 4 mart kuni s’ezd o‘zini Kominternning Birinchi Kongressi deb e’lon qildi. Bunga havasi kelgan va qoyil qolgan jahondagi jamiki sarguzashttalab unsurlar insoniyat tarixidagi beqiyos talondan o‘ziga biron ulush olmoq ilinjida va o‘z mamlakatlarini ham shunday talab yulqimoq bobida yo‘l-yo‘riq berilarmikan degan umidda Moskvaga yopirildi. Lenin o‘zining jahonga xo‘jayin bo‘lish borasidagi rejalarini hech qachon yashirgan emas edi. Endi u jazavaga tushdi: «Biz hech qachon yashirmaganmiz - bizning inqilobimiz ibtido, xolos. Biz butun dunyoni ana shunday inqilob alangasi bilan yondirganimizdan keyingina bu inqilob o‘zining g‘olibona intihosiga yetmog‘i mumkin... Sovet hokimiyatini o‘rnatib, biz proletariat diktaturasining xalqaro olamshumul shaklini topa boshladik. Bizning ishimiz - butun jahon proletar inqilobining ishidir, Butunjahon Sovet Respublikasini barpo etish ishidir... Xalqaro proletariatning burjuaziyaga qarshi kurashi shafqatsiz ashaddiy sinfiy kurash xarakteriga ega bo‘lmog‘i kerak. Hatto, hozir (1919 yilda) Rossiyada proletariat burjuaziyaga qarshi fuqarolar urushi olib borayotganini (va bunday urush butun dunyoda pishib, yetilib kelayotganini) faqat uchchiga chiqqan nodon odamgina tushunmaydi, chunki fuqarolar urushida mazlum sinf ezuvchi sinfni oxirigacha mahv etish uchun, bu sinfning yashashiga imkon beruvchi iqtisodiy sharoitlarni butunlay mahv etish uchun harakat qiladi!» Butunjahon miqyosida bosqin uyushtirishga shunaqa otashin chaqiriqlar yangrab tursa, qanday qilib Moskvaga yopirilmaslik mumkin?

1919 yilning 5 martida Katta Kreml saroyida kongress vakillarining sharafiga qabul marosimi bo‘ldi. Qasr devorlaridagi arxitektor Ton yaratgan qadimiy o‘ymakor bezaklar elektr nurlarida tovlanadi. Stollar ustida turli nozu ne’matlar: uvuldiriq solingan naqshin likopchalar, butun pishirilgan osetr, dasturxonning uchdan bir qismini egallagan beluga, cho‘chqa bolalari, ananasu uzum, ko‘hna sharoblar (ularning ko‘plarida hali xususiy kollektsiyalarning muhri saqlanib qolgan). Lenin shaxsan imzo chekib, Gorbunovga Xalq Komissarlari Sovetining zaxiralaridan «110 pud uvuldiriq, cho‘chqa bolalaridan 800 pud, qizil baliqdan 200 pud» olib, dasturxonga qo‘yish to‘g‘risida qo‘rsatma bergan. Eng so‘nggi ovrupocha bichimda kiyingan erkaklarning bejirim kostyumlari-yu, ayollarning yalang’och yelkalari «xalq» komissarlarining rasmiy kiyimlariga ters bo‘lsa-da, allanechuk bir joziba kasb etgandi. Bularning barini ko‘rib, jahon inqilobi unchalik yomon ish emas ekan-da, modomiki bu narsa Rossiyada sinab ko‘rilgan ekan, uning yo‘lida jinday tavakkal qilsa arziydi, deb o‘ylash mumkin edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:47:38
Holdan toygan va talangan mamlakatda ochlik g‘ujg‘on o‘ynamoqda edi, odamlar bir-birini yeya boshlashgandi, sudsiz va tergovsiz ommaviy qirg‘in bormoqda, Butir turmasiga yalpi yo‘q qilish uchun «badavlat sinflar»ning farzandlari keltirilmoqda, ichterlama kasalligi quturib xuruj qilmoqda, garovga olinganlar tiriklay chirib-irib bormoqda edi. Qor bosgan ko‘chalarda isitilmagan va yoritilmagan uylar bamisli jonsiz tanaday so‘ppayib turardi. Bu yerda esa, allaqachon yolg‘ondakam bir kichik davlat barpo etilgan, mahv etilgan Rossiyaning o‘rtasida kommunizm qurib bitirilgandi. U hammaning ko‘zidan pinhon bo‘lib, har qanday davlat va harbiy ishlardan ko‘ra qattiqroq qo‘riqlanardi.

Ishchilar sinfining baxti uchun, shuningdek, boshqa mazlum sinflarning baxti uchun kurash o‘z samaralarini berayotganiga hech kimda hech qanday shubha qolmasligi uchun mehmonlarni Goxranga olib borishdi (Xuddi shu vaqtda, ya’ni 1919 yilning martida arzon safsataga uchgan, ochlik va nochorlik tufayli qulga aylantirilgan ishchilar «ishchilar» hukumatining e’tiborini o‘z ahvoliga jalb qilish uchun qo‘rqa-pisa urina boshlagan edilar. Ular tinch ish tashlashlar uyushtirishdi. Bu voqea ko‘pgina shaharlarda yuz berdi, ammo hamma joyda uning natijasi bir xil bo‘ldi - ishchilarni qonga botirdilar. Astraxanda o‘n ming kishilik miting bo‘ldi. Unda mahalliy zavodlar va baliqchi artellarning ishchilari o‘zlarining haddan tashqari og‘ir moddiy ahvollarini muhokama qildilar. (Kremldagi ziyofatda dasturxonga qo‘yilgan beluga va osetr baliqlarini eslang). Birinchi notiqlar nutqlarini tugatib ulgurmay, maydonni ChK qo‘shinlari qurshab olishdi. Ishchilarga qarab pulemyot va miltiqlardan ogohlantirib o‘tirmay o‘t ochdilar, qo‘l granatasi otildi. Ishchilar tum-taraqay qochishdi, maydonda 2000 kishining o‘ligi qoldi. Mitingning deyarli hamma qatnashchilari qamoqqa olindi va ChKning oltita komendaturasida yerto‘lalarga tashlandi, langar tashlab turgan «Gogol» kemasining tubidagi omborlarga, barjalarga joylashtirildi. Isyon haqida Moskvaga xabar qilindi. Moskvadan darrov lo‘nda javob keldi: «Shafqatsizlik bilan bartaraf qilinsin!!!» Ish qizib ketdi. Odamlarni ChK yerto‘lalarida otdilar. Bir-birlariga bog‘lab Volgaga tashladilar. Murdalarni go‘ristonga olib borishga zo‘rg‘a ulgurishardi. U yerda ularni yarim yalang‘och, hamma yog‘i qonga belangan holda qoq yerga to‘p-to‘p uyib qo‘yilardi. 13—14 mart kunlari faqat ishchilar otildi, keyin hukmdorlar eslarini yig‘ib oldilar shekilli, aybni «ig‘vogar burjuylarga» ag‘darmoq uchun ziyolilarni, sobiq uy egalarini, savdogarlarni, baliqchifurushlar va baqqolarni yalpi qamoqqa ola boshladilar. Yuzlab otilgan «burjuylar»ning ro‘yxati e’lon qilindi. Ishchilar ro‘yxatini e’lon qilmay otishdi. Bu ish aprelning o’rtasigacha davom etdi. Shunday taassurot tug‘iladiki, bolsheviklar butun mamlakat bo‘ylab 1919 yil martida sodir bo‘lgan zabastovkalar uchun Astraxan ishchilaridan alam olmoqchi bo‘lishgan. Tula, Petrograd va Bryanskda ham ko‘p ishchilar otildi. Angliyada e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1919 yilning dastlabki uch oyi davomida 138 ming odam otilgan. «Ammo bu raqam, — deb yozadi bolsheviklarning vahshiyliklarini xolis tadqiq qilgan S. Melgunov, - Rossiyada haqiqatda ro‘y bergan voqealar haqida juda yuzaki tasavvur beradi»). Bu tashkilotni Lenin 1917 yildayoq tuzgan edi. Bu markaziy ombor bo‘lib, talab olingan boyliklarning hammasi shu yerga olib kelinar va so‘rg‘ichlangan yashiklarda yana allaqayoqlarga jo‘natilar edi. Har qanday uchqur xayol egasi ham bu omborda nimalar borligini tasavvur qila olmas edi. Unda mamlakat va uning aholisi tomonidan bir necha asrlar mobaynida to‘plangan boyliklar jamlangan edi. Ivan Grozniy ingliz qirolichasi Yelizaveta tomonidan Moskvaga yuborilgan elchiga o‘z xazinasining bitmas-tuganmas boyliklarini ko‘z-ko‘z qilib maqtangan edi. Ammo Goxrandagi boyliklar qarshisida Ivan Grozniyning maqtanishi hech gap bo‘lmay qoladi. U Leninning boyliklarini ko‘rganida edi! Uni ko‘rib delegatlarning esi og‘ib qoldi. Kominternchilardan biri, hatto, asabiylashib, jazavaga tushdi. Shu bilan u o‘zining mayda burjua mohiyatini fosh qilib qo‘ydi. Uni qamoqqa olishga to‘g‘ri keldi. Faqat uch yildan keyin — 1922 yilga kelibgina mamlakatdan chiqarib yuborishdi. Taftish qilishgan-da!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:48:15
Delegatlar yurtlariga chuqur hayajon ichida xursand bo‘lib tarqalishdi. Moskvada mezbonlar xasislik qilishgani yo‘q — konferensiya a’zolarining har biri kissasida ancha-muncha mablag‘ bilan uyiga qaytdi. Bu mablag‘ o‘z mamlakatida «bolshevistik tashkilotlar»ni barpo etish va jahon inqilobini amalga oshirish uchun kifoya qilardi. O’sha kezlarda aytilganidek, «hamma burjuylarni dog‘da qoldirib, jahonni inqilob alangasiga chulg‘aymiz!»

Albatta, hamma narsa ham silliq kechavermaydi. Fin chegarachilari mashhur Otto Kuusinenni ushlab olishdi. U Moskvadan berilgan brilliantlarni yashirincha Finlyandiyaga olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Bu javohirlarning ba’zi birlari xalqaro ro‘yxatlarga kiritilgan bo‘lib, ularning egalari yaxshi ma’lum edi. Janjal ko‘tarildi. Bu janjalning shov-shuvi Moskvagacha yetib bormagan bo‘lsa-da, dunyoda ancha-muncha aks-sado berdi. Oradan ko‘p o‘tmay fin ishchilar harakatining sharmandasi chiqqan dohiysi Fin qo‘ltig‘i muzliklari orqali politsiyadan qochishga va Moskvada umrbod yashab qolishga majbur bo‘ldi. Bu yerda Lenin minnatdorlik yuzasidan uni Komintern Ijroqo‘mi kotibligiga saylab qo‘ydi. Stalin esa uni, hatto, Finlyandiyaga prezident qilishni rejalashtirgan.

Shunga o‘xshash g‘alvalar ba’zi bir boshqa mamlakatlarning delegatlari boshiga ham tushdi, ammo buning uncha ahamiyati bo‘lmadi. Negaki, Moskva hech qanaqa da’volarni tan olmadi va ularga quloq solmadi. Aksincha, Moskva bir narsadan g‘oyatda mamnun edi — hamma joyda bolshevistik partiyalar o‘rmondagi sassiq alafdek potirlab o‘sa boshladi. Urush davridagi muhtojliklar bunga yaxshi zamin tayyorlab bergandi. Faqat bir narsa tashvishga solardi — Vengriyadan boshqa hech qaerda hech kim faol harakat qilishni xayoliga ham keltirmayapti.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:48:39
To‘g‘ri, Vengriyada ham bolsheviklarning faolligi uzoq davom etgani yo‘q — Bela Kun Moskvaga qochib jon saqlashga majbur bo‘ldi, ammo shunday bo‘lsa-da, vengr oltinining bir qismini o‘marib, xorijga jo‘natishga muvaffaq bo‘lindi. To‘g‘ri, bu borada vengerlar o‘z yo‘llaridan borishdi. Lenin o‘sha vaqtdayoq keragidan ortiqroq darajada abjir bo‘lgan bu vengerga jinday shubha bilan qaray boshlagan edi, ammo Bela Kun Vengriyada zo‘r hafsala bilan boshlagan qirg‘inni ko‘rib, dohiyning ko‘ngli ancha taskin topgandi. Afsuski, Bela Kun boshlagan ishini oxiriga yetkaza olmadi. Vaqt yetishmadi bunga. Taskin yana shuning uchun kerak ediki, nemis o‘rtoqlar ham o‘zlariga xos proletar inqilobi bilan rosa pand berib qo‘yishdi. Axir, ularga hamma narsa ipidan-ignasigacha tushuntirib berilgan edi. Yo‘q, bo‘lmadi.

Monarxiya qulagandan keyin hokimiyat tepasiga kelgan quyonyurak sotsial-demokratlar Germaniyada lenincha usullarni qo‘llashga jur’at qilmadilar. Bu ham yetmaganday, Kayzerning Gollandiyaga qochishiga yo‘l qo‘yib berishdi. Bundan tashqari ular kommunistlar isyonini qurolli kuch bilan bostirib, sovetlarning Germaniyadagi muxtor vakili Radekni mamlakatdan chiqarib yuborishdi. Holbuki, Radek Berlinga «nemis inqilobini chuqurlashtirish uchun» yuborilgan edi. Moskva bilan diplomatik munosabatlar uzilib qoldi. Bu orada Leninning odamlari - K. Libknext va R. Lyuksemburg o‘ldirildi, bir qator banklardagi mablag‘lar xatlab qo‘yildi. Bu mablag‘larni Parvusning maslahati bilan Germaniya banklariga qo‘yib, xo‘p bemaza ish qilingan ekan-da! Bunaqa bo‘lib ketishi kimning ham xayoliga kelibdi deysiz?

Fig‘oni falakka yetgan Lenin har galgidek kechagi do‘stlarini ayamay so‘kishga tushdi: «Germaniyadagi butunjahonga namuna qilib ko‘rsatsa arziydigan marksistik ishchi partiyasining rahbarligini bir guruh ashaddiy razillar, kapitalist ablahlarga sotilgan bir to‘da ifloslar, monarxiya va aksilinqilobiy burjuaziyaga xizmat qiluvchi ishchilardan chiqqan jallodlar egallab olgan ekan». Germaniyada hokimiyat tepasiga «burjua» partiyalari qaytib kelgandan keyingina, ular bilan munosabatlar qayta tiklandi. Lenin juda ham kekchi edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:49:01
1920 yilning iyulida avval Petrogradda, keyin Moskvada Kominternning II Kongressi ochildi. Birinchi Kongressda Kominternning rahbariyati saylanib, unga Zinovevni rahnamo qilib belgilashgan, keyin esa to‘yib yeb-ichib, miriqib maishat qilib, kissalarini tilla va brilliantga to‘ldirib tarqalishgan edi. Ikkinchi Kongressda esa jiddiy gaplar boshlandi. Endi sharoit ham boshqacha edi. Ko‘ngillilar armiyasini o‘z holiga tashlab ketgan Don va Kuban kazaklari Oqlar harakatining yemirilishini boshlab bergan edilar. Bu harakatning «Yagona va bo‘linmas Rossiya» uchun degan shiori jon taslim qilayotgan imperiyaning ko‘p millatli aholisiga uncha ma’qul bo‘lmadi. Denikin bilan birga harakat qilishga rozi bo‘lgan polyaklar o‘zlarining mustaqilliklarini tan olishni talab qildilar. Finlar ham Petrograd ustiga birga yurish qilish haqidagi muzokaralarda shu shartni qo‘yishdi. «Biz Rossiyani chakana qilmoqchi emasmiz», — deb javob berishardi bunga Oq harakatning sardorlari. Ular o‘zlarining muqaddas vatanparvarlik aqidalaridan voz kechgandan ko‘ra muqarrar mag‘lubiyatni afzal ko‘rishgandi.

Rossiyani boshqalar bozorga solishgandi va bunda ancha omadlari chopgandi. Oq harakatning yemirilishi butunjahon miqyosida inqilobiy to‘ntarishlarni amalga oshirishga umid tug‘dirgandi. Shuning uchun II Kongressning diqqat markazida faoliyat dasturi, strategiya, taktika va Kominternni tashkil qilish masalalari turdi. II Kongress bu masalalarning hammasi bo‘yicha bevosita Lenin rahbarligida ishlab chiqilgan qarorlar qabul qildi. Shu qarorlar Komintern dasturi va jamiki faoliyati uchun asos bo‘ldi. Kongressni ochar ekan, Lenin o‘zining sevimli shiorini e’lon qildi: «Bizning ishimiz — butunjahon proletariati inqilobining ishidir, butunjahon miqyosidagi Sovet respublikasini barpo etish ishidir» (uzoq davom etgan qarsaklar, orkestr «Baynalmilal»ni chaladi).

Leninning fikrlarini Komintern raisi Zinovev davom ettirdi. U bir necha majlisda delegatlarga aql o‘rgatib, butunjahonda hukmronlikni osongina qo‘lga kiritish uchun ishni qanday tashkil qilish kerakligini uqtirdi. «Biz uchun kurashning hal qiluvchi vositasi qurolli qo‘zg‘olondir, buning uchun esa inqilobiy kuchlarni harbiy izlarda uyushtirish talab qilinadi, binobarin, markazlashgan partiya kerak».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:49:52
Qo‘yilgan vazifaga muvofiq Kongress Kominternning ustavini qabul qildi. Bu ustav bo‘yicha Komintern yagona xalqaro kommunistik partiya deb qaralardi, turli mamlakatlarda uning milliy «seksiyalari» bor edi. Natijada tabiiy-ki, Kominternning harbiy bo‘limi tuzildi. U o‘z vazifasini quyidagicha belgilagan edi: «Tarixiy inqilobiy jarayon taqozosiga ko‘ra, qulay sharoit vujudga kelganda ishchilar sinfi hujumga o‘tishga majbur bo‘ladi... Ishchilar sinfining quroli bo‘lmish Qizil Armiya bo‘lg‘usi frontning istagan jabhasida o‘z zimmasidagi hujumkorlik vazifasini bajara oladigan qilib tayyorlanmog‘i kerak... Bu front hududlari esa yaqin o‘rtalarda jamiki Eski Dunyo qit’asining hududlaridan o‘tadi». Ishtahalar ana shunaqa karnay edi.

Kommunistik baynalmilalning asosiy vazifalari to‘g‘risida Kongress tomonidan qabul qilingan qarorda shunday deyilgan: «Burjuaziyani zo‘rlik bilan ag‘darib tashlashgina, uning molu mulkini musodara etishgina, burjua davlat idorasining hammasini pastdan yuqorigacha vayron etishgina, parlament hokimiyatini, sud tizimini, harbiy qurilmalarni, ma’muriy, munitsipial va boshqa mahkamalarni parchalab tashlashgina proletar g‘alabasi tantanasini ta’minlaydi». Uning muvaffaqiyati uchun xalqaro kommunistik partiya «proletariatcha temir sentralizm» va «harbiy intizom» asosida qurilmog‘i kerak.

Bundan tashqari Kongress butun dunyoning barcha mehnatkashlariga qarata «imperializmni o‘ldirish»ga chaqirib xitobnoma qabul qildi. O’ta ezmalik bilan yozilgan bu xitobnoma ashaddiy jangari ruhda edi. Ammo bunga o‘xshash xalqaro harbiy-terroristik tashkilotning samarali ish olib borishi uchun marksizmdan, tiyiqsiz zavqu shavqdan, g‘ayriinsoniy shafqatsizlikdan, har xil nizomnomalaru dasturlardan, qaroru xitoblardan tashqari juda katta miqdorda pul ham zarur edi. Xo‘sh, ularni qaerdan olish kerak? Albatta, bo‘lg‘usi butunjahon proletar imperiyasining poytaxtidan olinadi-da! Hozir Kongress bo‘layotgan shahardan, ya’ni Moskvadan olinmasa, qaerdan olinadi? Shuning uchun «Rossiya Kommunistik partiyasiga murojaat qilib, Komintern Ijroiya qo‘mitasining ishi bilan bog‘liq moddiy sarf-xarajatlarning‘ asosiy og‘irligini vaqtincha (?) o‘z zimmasiga olib turishni iltimos qilishga qaror qilinadi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:50:35
Talab olingan pulni sarflash oson bo‘ladi. Darhol bu iltimosga ikkita javob keldi: biri Lenindan, ikkinchisi Zinovevdan.

Lenin o‘ziga xos bo‘lmagan nazokat bilan yozibdi:

«Rossiya Kommunistik partiyasi, albatta, Ijroiya Qo‘mitaning bu taklifini inobatga olishni o‘zi uchun sharaf deb hisoblaydi». Zinovev ham uning gaplarini takrorlaydi: «Rossiya Kommunistik partiyasi ixtiyorida bor narsalarning bari bilan qardosh partiyalarga yordam berishni o‘zi uchun buyuk sharaf deb hisoblaydi»( Xuddi shu kunlarda hamma frontlarda Qizil Armiya qarshi hujum olib bormoqda edi. Endi qimmatbaho buyumlar va pullarni tortib olishning yangicha usullari qo‘llana boshladi. «Qizillar» biror shaharni ishg’ol qilganlarida, shaharning katta-kichikligiga qarab, undan xiroj olar edilar. Masalan, Kievdan oltin hisobida 400 million so‘m, Odessadan 500 million so‘m, Xarkovdan esa negadir atigi 100 million so‘m talab qilingan. Xirojni istagan tilla tangalar, zargarlik buyumlari, yombi, duru javohirlar, ba’zan rasmlar bilan to‘lash mumkin edi. Odatda 2—3 kun muddat belgilanardi. Agar xiroj muddatida to‘lanmasa, hukumat har besh aholidan biri otib tashlanishini e’lon qilgan. Bir necha miqdor xiroj to‘langan, keyin yalpi tintuvlar boshlangan. Bunda ishchilar uchun hech qanday istisno berilgan emas. Ko‘pgina ishchilar shahar tevaraklarida o‘z xususiy uylarida istiqomat qilishardi. Ularning uylarini avval ag‘dar-to‘ntar qilib, keyin ko‘pincha o‘t qo‘yib yuborishgan. Ommaviy qatllar shafqatsiz tarzda davom etgan. Kievda bir kunda sobiq ofitserlardan 2000 kishini ro‘yxatdan o‘tkazish bahonasida shahar teatriga yig’ib, otib tashlaydilar. Petrogradda uch oy mobaynida (iyul, avgust, sentyabr) 5000 odam otilgan. Kronshtadtda kutilmaganda 20 ta vrachni «ishchilar orasida haddan ziyod mashhur bo‘lganliklari» uchun otib tashlaydilar. Yekaterinoslavda ish tashlamoqchi bo‘lgani uchun 100 ta temir yo‘lchi otiladi. Ivanovo-Voznesenkda RVK hamma aholini otuv bilan qo‘rqitib, tikuv mashinalarini (?) topshirishni buyuradi. Arxangelskda «qizillar» kelishi bilanoq, general Myullerning qo‘lida xizmat qilgan 800 ofitser otib tashlanadi. Bu yerga Janubda asir olingan ofitserlar va kazaklarni olib kela boshlaydilar. Ular Xolmogorda shoshilinch ravishda tashkil qilingan birinchi o‘lim lagerida bitta ham qoldirmay otib tashlanadi. Mashhur Kedrov 1200 ofitser ortilgan ikki barjani cho‘ktirishga shaxsan rahbarlik qiladi. Moskvada manqa kasalligi tarqaladi. Aniqlangan hamma kasallarni joyida otib tashlashadi. Ular bilan birga terlamaga chalingan bemorlar ham otiladi. ChKning maxfiy buyrug‘iga ko‘ra, zaxm bilan ogrigan bemorlarni ham aniqlab, yo‘q qilib yuboradilar. Bo‘lg‘usi imperiyaning poytaxti har xil illatlardan xoli bo‘lmog‘i kerak-da!).
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:51:07
Moskvadan juda katta miqdorda mablag‘ olgan «qardosh» partiyalarning vakillari zudlik bilan ishga kirishadilar. Chinakam va qalbaki firmalar hamda hissadorlik jamiyatlari tuziladi, ko‘chmas mulklar xarid qilinadi, davlat arboblari sotib olinadi, ish tashlashlar uyushtiriladi va hatto sabotajlar tashkil qilinadi. Urush tufayli holdan toygan Ovruponi turli-tuman kommunistik gazetalar va jurnallar quyunday bosadi. Ular Ovrupo sivilizatsiyasining halokati muqarrar ekanini karomat qiladilar va yo‘l-yo‘lakay fashizm, natsizmga o‘xshash xilma-xil oqimlarni tug‘diradilar. Kominternning harbiy bo‘limi ham qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi, u butun Ovrupo bo‘ylab «proletariatning jangovar otryadlari»ni tuzadi. Shundaylardan biri Rotfrontkamfbund bo‘lib, Chilining bo‘lajak prezidenti Alende shu otryadda o‘z faoliyatini boshlagan. Ularga harbiy kiyimlar tikishgan, qurol-yarog‘ xarid qilishgan. Zarur bo‘lib qolganda esa, qurolni istagan sovet elchixonasidan yoxud savdo vakolatxonasidan bepul olsa ham bo‘laverar edi. Xullas, «umumovrupo proletar» inqilobi pishib qolmoqda edi. Ammo bu har qancha tantanavor ko‘rinmasin, Ovruponi qonli fuqarolar urushi maydoniga aylantirish avvaldan bir muhim tadbirni taqozo etar edi: Rossiyadan talab olingan oltinlarni xavf-xatarsizroq joyga jo‘natish tadorigini ko‘rish zarur edi. Shveytsariya bilan Shvetsiya to‘g‘ri kelmaydi. «Ablahlar va sotqinlar» etagida bo‘lgan Germaniyaku aslo munosib emas. Ayniqsa, Shveytsariya. U yerda banklarning seyflaridagi mablag‘ni Alp tog‘laridagi xufiya omborlarga ko‘chirish rejasi puxta o‘ylab pishitib qo‘yilgan. Bu omborlarni, hatto, «butun jahon ChKsi» ham yuz yil qidirganda topolmaydi. Shuning uchun pullarni hamma qoidalarga rioya qilgan holda Qo‘shma Shtatlar banklariga ko‘chira boshlashga qaror qilindi. Amerika olisda edi, yaqin o‘rtada u yerda inqilob qilish Leninning rejalariga kirmagandi. Bundan tashqari Shveytsariyaning to‘nkaga o‘xshagan gung bankirlaridan ko‘ra, Amerikaning yetakchi moliyachilari bilan muloqotda bo‘lish maroqliroq edi.

Biroq chatoq joyi shunda ediki, Amerika qonunlariga ko‘ra, AQSh banklariga yirik miqdordagi mablag‘larni joylash uchun Amerika firmalari bilan keng miqyosda savdo munosabatlariga ega bo‘lish talab qilinardi va bu munosabatlar hukumat tomonidan ma’qullanishi shart edi. Shveytsariya banklaridan farq qilaroq, Amerika banklari hech qachon shunchaki oddiy ombor bo‘lgan emas, balki hamisha oltinni milliy iqtisod qon tomirlariga haydab beradigan yurak hisoblangan. U paytlarda hali na Xalqaro Valyuta jamg‘armasi, na iqtisodiy ittifoqlar, na xalqaro banklar tizimi bo‘lgan. Hozirgi davrdan farq qilaroq, Shveytsariya banklari hali jahon iqtisodiyotiga jalb qilinmagandi, negaki hali «jahon iqtisodiyoti» degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Shuning‘ uchun Shveytsariya banklari, qo‘pol qilib aytganda, oddiy sudxo‘rlik bilan va boylik yig‘ish bilan band edi. Imperializmning hali kuni bitganicha yo‘q, u endigina tug‘ilib kelmoqda edi. Uning ayni chaqaloq chinqirig‘ini Lenin jon taslim qilish oldidagi ingrash deb qabul qildi va bundan ilhomlanib, shodu xurramlik bilan imperializmga go‘r qaziy boshladi. Ammo oxir-oqibatda, bu go‘rga bema’ni «ta’limoti» bilan o‘zi tushishiga to‘g‘ri keldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 19:51:51
Amerika esa hamisha Amerika bo‘lib qolgan. U XIX asrdagi Ovruponi tushungan emas, Rossiyaniku aytmay ham qo‘ya qolaylik. O’zining 50 asrlik rivojida insoniyat tarixi ko‘rmagan, eshitmagan va bilmagan qonli tuzumni, insonga nafrat bilan sug‘orilgan tartiblarni Amerika qayoqdan ham tushunsin?! Rossiyada qanday hodisa ro‘y berganini 1917 yildayoq anglab yetgan Amerika elchisi Frensis davlat departamentiga noma ustiga noma jo‘natib, bu ishlarga aralashishga va «xalqaro gangsterlarning bu qonli zulmini» uloqtirib tashlashga chaqirdi. Ammo uning chaqiriqlari behuda ketdi. Prezident Vilson: «Rossiyaning ichki ishlariga aralashmaymiz», — deb oyoq tirab turib oldi. 1918 yilning sentyabr oyida Moskvadagi Amerika konsuli D. Pul begunoh odamlarning ommaviy qatl qilinishiga qarshi rasmiy norozilik bildirdi. Bir necha betaraf mamlakatlarning vakillari bu norozilikni quvvatlab chiqdilar. Lenin Chicherin orqali ularga javob berib, bu noroziliklar «Rossiyaning ichki ishlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tarzda aralashishdan o‘zga narsa emas», deb xitob qiddi va yo‘l-yo‘lakay «burjuaziya» ba’zi bir mamlakatlarda «mehnatkash ommaga» qarshi uyushtirayotgan terrorni g‘azab bilan fosh qildi. 1918 yilning oktyabrida Lenin Prezident Vilsonga telegramma jo‘natib, «xalqlar ittifoqining asosiga hamma mamlakatlarda kapitalistlarning sarmoyalarini musodara qilishni qo‘ymoq kerak», deb taklif qiladi.

Ammo har bir nutqqa, hujjatga, maktubga qarshi butunlay teskari mazmundagi nutqi, hujjati, maktubi bo‘lmasa, Lenin otini boshqa qo‘yardi. Bu uning dohiyona nozik fikrlashidan emas, balki tobora zo‘rayib borayotgan ruhiy xastaligidan dalolat berardi. Mana, yetmish besh yildirki, tarixchilar bir-birlarini Lenindan olingan matn parchalari bilan to‘qmoqdek savalab, bu parchalarning qay biri «jahon proletariati dohiysining dohiyona niyatlarini» yaxshiroq aks ettirishini aniqlashga behuda urinib yotishibdi.

Bu bema’ni notadan keyin oradan ko‘p o‘tmay Vilsonga xushomadgo‘ylik qilib, tinchlikparvar va do‘stlik ruhi bilan to‘la maktub yuborildi. Notada Vilsonni ishontirib aytiladiki, «Sizning tinchlik dasturingizning ko‘p moddalari rus ishchilari va dehqonlarining ancha teran va keng dasturiga kiradi», «qizil terror» deb atalmish hodisa chet ellarda juda mubolag‘ali tarzda ta’riflanayapti va to‘g‘ri tushunilmayapti, bu «qizil terror» ittifoqchilarning rus hududiga bostirib kirishining bevosita natijasi va oqibatidir» va «kurash bilan istilo davom etadigan bo‘lsa», «g‘azabga to‘lgan omma rus burjuaziyasini to‘la-to‘kis qirib tashlashi mumkin». Notada ta’kidlanadiki, «Rossiya ishchilari va dehqonlari o‘zlarining baxtiyor bo‘lishlaridan va o‘zga millatlarga xavf tug‘dirmaydigan xalqaro birodarlikdan boshqa hech narsani bilmaydilar». Prezident Vilson Marmar dengizidagi Prinkipo orolida tinchlik konferentsiyasi o‘tkazishni mo‘l qo‘ygandi. U bolsheviklarning qanaqa maxluqlar ekanini bilmas edi, shuning uchun ularni oqlar bilan bir stol tegrasiga o‘tqazib, «biron bitimga kelishar-ku», degan xayol bilan o‘zaro muzokaraga kirishtirmoqchi edi. Albatta, bundan hech narsa chiqmadi. Shunda Prezident Rossiyada nimalar bo‘layotgani to‘g‘risida «birinchi manba»dan ma’lumot olishga qaror qilib, Moskvaga Parijdan davlat departamenti xodimi Uilyam Bullitni jo‘natdi. Unga «bolsheviklarning dohiylari bilan bevosita aloqaga kirishish va shu asosda Rossiyadagi siyosiy va iqtisodiy ahvol haqida davlat departamentiga doklad tayyorlash» topshirildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:00:16
1919 yilning mart oyida Bullit Moskvaga keldi va bu yerda bir hafta bo‘ldi. U rosa konyak ichdi, «juda ajoyib rus shokoladini» gazak qildi. Shokolad unga shunchalik yoqib qoldiki, undan bir necha kilogrammini ikkita suxsur teriga qo‘shib Amerikaga ham olib ketdi. Buning orasida u Lenin, Chicherin va Litvinovlar bilan uchrashib, «davomli va yoqimli suhbatlar» qurdi. Bullit ularni «juda ziyoli va madaniy odamlar ekan», degan xulosaga keldi. Shuning uchun ham, davlat departamentiga yozgan dokladida, shokoladga qo‘shib aytilgan ertaklarga chippa-chin ishonib, «kommunistik partiya siyosiy va axloqiy jihatdan juda sog‘lom», deya takrorladi. Petrograd va Moskvada to‘la tartib hukm surmoqda. Hech qanaqa terror yo‘q. Ochlik haqida gapirishning o‘zi kulgili! (Albatta-da!) Ta’lim bobida katta muvaffaqiyatlarga erishilgan. Davlat kotibi Lansing es-hushli odam edi - u bu bema’ni aljirashni darhol arxivga, Bullitning o‘zini esa iste’foga jo‘natdi.

Xuddi shu kezlarda, ya’ni Bullit Lenin bilan birga «Martini» ichib, uning cho‘pchaklarini tinglab o‘tirgani-da, tomdan tarasha tushganday, allaqanday L.Martens degan odam paydo bo‘lib qoddi. 1898 yildan beri partiya a’zosi bo‘lgan bu odam Lenin tevaragidagi a’yonlar ichida eng shubhalilaridan biri edi. Qo‘shma Shtatlar bilan RSFSR o‘rtasida hech qanday diplomatik munosabatlar yo‘qligiga qaramay, Martens o‘zini «RSFSRning AQShdagi vakili» deb e’lon qiladi. U uy sotib oladi, unda o‘zining byurosini ochadi va davlat departamentiga uzundan-uzoq maktub yo‘llaydi. Maktubda Rossiyadagi ahvol tushuntirilgan va o‘zining vazifalari haqida ma’lumot berilgandi. U maktubida «sovet hokimiyati aholining hamma tabaqalari tomonidan nazorat qilinadigan va ular orasida mas’uliyatli hukumat ekani, bu aholi foydali mehnat bilan shug‘ullanishni istashi», «Rossiya aholisining 90 foizi hamma siyosiy va fuqarolik huquqlariga ega bo‘lgan holda jamiyatni boshqarishda bevosita ishtirok etishi» ta’kidlangan. Shundan so‘ng Martens maktubi xulosasida o‘zining AQShda qanday maqsadda paydo bo‘lib qolganini oshkora aytadi: «Xarid qilingan narsalarga to‘lov uchun Rossiya hukumati Amerika banklariga darhol oltin hisobida 200 million dollar pul qo‘yishga tayyor».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:00:37
200 million dollar! Qo‘shma Shtatlarning federal qonunini buzmaslik va uning bank tizimida o‘rnashib olishi uchun ilk bor qo‘yiladigan mablag‘ — qonunga ko‘ra 5 million dollar miqdordagi omonat «yirik ajnabiy» hisoblanadi. Bu yerda esa oz emas, ko‘p emas - 200 million! (dollarning hozirgi kursi bo‘yicha taxminan 4 milliard!) taklif qilinmoqda. Davlat departamentida bunga ishonishmadi, anchagacha sukut saqlashdi, keyin bayonot e’lon qilishdi. Unda AQSh hukumati «Sovet hukumati» deb atalmish hukumatni tan olmasligi ta’kidlangan va o‘zini «bolshevistik hukumatning» vakili deb atayotgan odamlar bilan muomalada «g‘oyat ehtiyot bo‘lish» tavsiya etilgan edi.

Boshqacha qilib aytganda, nima qilsalaring qilaverlaring, birodarlar, ammo shundan ogoh bo‘lib qo‘yingki, Moskvadan kelgan bu korchalonlar uchchiga chiqqan firibgar bo‘lishi mumkin. Shunisi ham borki, AQSh hukumati Rossiyaning vakili sifatida hamon rus elchisi B. Baxmetevni tan olishda davom etadi. Uni esa bu lavozimga Muvaqqat hukumat tayinlagan edi.

Ammo Leninning xonaki vakili uncha-munchaga cho‘chiydiganlardan emas edi. Kelib chiqishiga ko‘ra ham, tobeligiga ko‘ra ham nemis bo‘lgan Lyudvig Karl Martens bunaqa ishlarda pixini yorgan edi. Inqilobdan oldinoq rus zavodlarida tartibsizliklar uyushtirmoqchi bo‘lgani uchun uni ikki marta qamoqqa olishib, Germaniyaga jo‘natib yuborishgan edi. U paytda josus deb gumonsirashgandi. Rossiyaga Lenin bilan birga 1917 yilning aprelida qaytib keldi, lekin o‘zining hamyurtlari bilan aloqasini uzmadi. 1919 yilda nemis sotsialistlarining «sotqinligi» ayon bo‘lib qolganda qiziq ustida qamoqqa olindi va otilib ketishiga sal qoldi. Leninning ko‘rsatmasi bilan «mutlaqo ishonchli o‘rtoq» sifatida qamoqdan ozod qilindi. O’zining yashirin holatda ekaniga qaramasdan Martens Amerika banklari va firmalari bilan keng ko‘lamda muzokaralar olib boradi va ularga taxminan 8 milliard dollar pul qo‘yib, buyurtmalar beradi. Moskva shoshirmoqda edi. 1919 yilning 27 mayida Martens Litvinovning imzosi bilan telegramma oladi. Litvinov Angliyadagi xuddi shunday operatsiyaga rahbarlik qilayotgan edi. «So‘nggi yil mobaynida bizning butun tashqi siyosatimizda Amerika bilan yaqinlashish ishtiyoqi qizil ip bo‘lib o‘tadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:01:27
Har gal o‘ng kelganida biz Amerika bilan muloqotga kirishmoqchi ekanimizni ko‘rsatish imkonini boy berganimiz yo‘q... Biz amerikaliklarni boshqa ajnabiylardan afzal ko‘rib, ularga har xil iqtisodiy kontsessiyalar berishga tayyormiz».

Rejaga ko‘ra, Ovrupoga bostirib kirish oldidan Amerikaning ko‘nglini ovlashga qattiq harakat qilinmoqda edi. Ammo pul va kontsessiyalar bilan Qo‘shma Shtatlarning xayrixohligini qozonishga urinish chog‘ida o‘zlarining manfaatlarini aslo unutganlari yo‘q.

Garchi Martens o‘lib-tirilib, «sovet hukumatining benihoya tinchlikparvar hukumat ekaniga va AQShning ichki ishlariga mutlaqo aralashishni istamasligiga» Amerika hukumatini ishontirmoqchi bo‘lsa-da, «sovet vakolatxonasi» binosida tintuv o‘tkazgan politsiya u yerda mazmuni oshkora g‘alamislik bilan sug‘orilgan dasta-dasta varaqalar topdi. «Amerika ishchilariga! - deb xitob qilardi varaqalar. -Ishchilarning imperializmga qarshi kurashi — fuqarolar urushidir. Bu urush oshkora tarzda hokimiyat uchun qurolli kurash tusini oladi. Kommunistik Baynalmilal - bunaqa fuqarolar urushi va jahon inqilobining Bosh shtabidir. Amerika ishchilari! Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri sizlarga murojaat qilmoqdamiz, chunki sizlarning vazifalaringiz jahon inqilobi uchun eng muhim vazifa hisoblanadi. Butun dunyodagi eng kuchli va eng vahshiy imperializm bo‘lmish Amerika imperializmini xalqaro ishchilar tomonidan ag‘darib tashlanishi jahon inqilobining hal qiluvchi bosqichi bo‘ladi. Bu sizning va shu bilan birga bizning ham vazifamizdir!»

Martensni AQShdan chiqarib yuborishdi. Tintuv vaqtida «Komintern» ayg‘oqchilarining ro‘yxati topilgan edi. Shu ro‘yxat asosida Amerika politsiyasi 249 kishini qamoqqa oldi va ularni «nomatlub ajnabiylar» sifatida AQShdan chiqarib yubordi. Ularning hammasini kemaga o‘tqazib, Rossiyaga jo‘natishdi. Martens hech qachon diplomatik daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgan emas edi, ammo yashirin holatda ekaniga qaramay, «shunday daxlsizlikka egaman» deb o‘zini-o‘zi ishontirgan edi. Ehtimol, shundan bo‘lsa kerak, «Komintern» ayg‘oqchilarining ro‘yxatini yengiltaklik bilan vakolatxonada saqlagan. Tintuv vaqtida yana ko‘pdan-ko‘p moliyaviy hujjatlar ham topilganki, ular Moskvaning «vakili» Ovrupo va Amerika banklari o‘rtasidagi vositachidan o‘zga kimsa emasligini fosh etgan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:02:02
«Rossiyada sodir bo‘layotgan bolshevistik inqilob, -deb yozgan edi «Nyu-York Gerald Tribyun» gazetasi, - aslini olganda juda katta ko‘lamda amalga oshirilayotgan moliyaviy operatsiyaga o‘xshaydi. Uning maqsadi juda katta pul mablag‘larini ruslar nazoratidan chiqarib, Ovrupo va Amerika banklari nazorati ostiga qo‘yishdir. Bunday harakatlarning asl sababi, aftidan, Kremlga ma’lum bo‘lsa kerak, ammo hozirning o‘zidayoq bir narsani aniq aytish mumkin: mister Lenin va uning sheriklari tomonidan jahon bolshevistik inqilobi haqida va kapitalizmning muqarrar halokati to‘g‘risida qanday jangari nutqlar irod etilmasin, ularning o‘zi, ehtimol, o‘zlari anglamagan holda, ko‘p yillar davomida bizning iqtisodiyotimizning gullab-yashnashi va juda tez o‘sishi uchun hamda dollarning mag‘izi to‘q bo‘lishi uchun juda katta ishlar qilmoqdalar. Mister Lyudvig Martensni Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborishdi, holbuki, adolat yuzasidan aytganda, unga Linkolnnikidan kichkina bo‘lmagan haykal qo‘yish kerak edi». (1921 yil 24 yanvar, «Soxta elchi AQShdan chiqarib yuborildi».)

AQShda ikki yil turgan Martens hech bo‘lmaganda o‘z vazifasining bir qismini ado etdi. Beqaror Ovrupodan AQSh banklariga juda katta miqdorda oltin ko‘chirib qo‘yildi, banklar bilan aloqa o‘rnatildi, ularning ba’zi birlari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olindi, qo‘shma firmalar tuzildi (albatta, AQShning yumshoq qonunlaridan foydalanib, birovlarning nomida), bir necha gazetalarni chiqarish yo‘lga qo‘yildi va AQShda bir emas, ikkita kommunistlar partiyasi tuzildi (keyinchalik ular birlashib ketishdi).
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:03:03
Bu orada Rossiyada voqealar shiddat bilan rivojlanib bormoqda edi. Oqlarning qoldiqlari Qrimga chekindi. Quruqlikdan ularning yo‘li to‘sib qo‘yilgan va mag‘lubiyati muqarrar bo‘lib qolgandi.

Lenin iftixor bilan shunday dedi: «Hozirgi vaqtda Rossiyada dushmanning qarshiligini yengib o‘tish va bostirish vazifasi, asosan, bajarildi. Rossiya bolsheviklar tomonidan zabt etildi». (1941 yilning sentyabrida Gitler armiya guruhlarning qo‘mondonlari oldida nutq so‘zlaganda xuddi shunaqa behayo oshkoralik bilan o‘zining mavqeini ochiq bayon qilgan edi. «Biz Rossiyani bolshevistik tuzumdan xalos etayotganimiz yo‘q. Biz uni zabt etayapmiz. Shuning uchun ham okkupatsion tartiblar juda qattiq bo‘lmog‘i kerak» (Lenin tomonidan zabt etilgan mamlakatda o‘rnatilgan okkupatsion tartiblar Gitlernikidan farq qilsa, faqat yanada vahshiyroqligi bilan farqlanadi. Mana, Butunrossiya Ijroiya Qo‘mitasining 1921 yil 11 iyun qaroriga asoslanib chiqarilgan komendatura buyrug‘i:
«1. Ismi-familiyasini aytishdan bosh tortgan fuqarolar joyida so‘zsiz otib tashlansin.
2. Qurol yashirgan qishloq aholisiga garovga olinishi haqidagi hukm e’lon qilinsin va qurolni topshirmagan hollarda otib tashlansin.
3. Uylarida banditlarni (ya’ni ipidan-ignasigacha talangan, qarshilik ko‘rsatishga jur’at etgan dehqonni — I.B.) yashirgan oilalar qamoqqa olinmog‘i va badarg‘a qilinmog’i, molu mulki musodara qilinmog‘i kerak. Bunday oilaning ishlaydigan kattasi joyida sudsiz otilsin.
4.  Banditning oilasi qochib ketsa... Uy-joyi yoqib yuborilsin.
5.  Bu buyruqqa shafqatsiz va qattiqqo‘llik bilan amal qilinsin».
Boshqa buyruq:
«1. Oqlar va yashillarni yashirgan stanitsalar hamda qishloqlar yo‘q qilinadi, uning aholisi otib tashlanadi, molu mulki musodara qilinadi.
2. Banditlar bilan hamkorlik qilgan shaxslarning hammasi darhol otib tashlanadi».
Taxminan shu vaqtlarda Lenin huquq bobida nazariyabozlik qilib, Adliya xalq komissari D. Kurskiyga shunday yozgan edi: «O’rtoq Kurskiy! Menimcha, otish jazosini kengroq qo‘llash kerak». Dohiyning fikricha, «hamkorlik qilgan» va «hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan» (!) shaxslar, ya’ni istalgan odam otib tashlanishi mumkin).

Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:04:09
Shunday qilib Rossiya zabt etildi. Xo‘sh, endi bu yog‘iga nima qilish kerak? Ma’lum bo‘ladiki, bu haqda hech kim tuzukroq o‘ylab ko‘rmagan ekan, negaki, Rossiyani zabt etamiz deb chinakamiga umid ham qilishmagan. Kallaga bundan 2000 yil avval Aflotun ishlab chiqqan almisoqdan qolgan «Oliy tabaqa — Soqchilar — Qullar» degan «sotsialistik» tizimdan boshqa narsa kelmadi. Soqchilar oliy tabaqa bilan qullarning o‘rtasida turadi. Binobarin, ular g‘ayratiga yoki qilmishiga ko‘ra, oliy tabaqa qatoriga o‘tib qolishi yoxud qullar safiga tushib qolishi mumkin. Soqchilarni tarbiyalash uchun yolg‘on-yashiq rivoyatlar zarur, qullar esa oliy tabaqa haqida hech narsa bilmasligi kerak. Aflotun bunaqa tizimni «mukammal davlat» deb atagan edi. Keksa faylasuf bu mulohazalarni aytar ekan, sostializmni quldorlik jamiyatidan boshqa hech qanday jamiyatda qurib bo‘lmaydi deb to‘g‘ri ta’kidlagan edi.

Dehqonlarga hamma narsa ayon bo‘lib qolgan edi. Ular g‘allani tekinga topshirishlari kerak, o‘zlariga chalaqursoq holda hayot kechirishga yetadigan miqdordagina qoldirishlari mumkin, keyingi yilda ekish uchun urug‘likni davlat beradi. «G’alla monopoliyasi» degan gap og‘izning bir chekkasidan chiqib ketadi, — deb aql o‘rgatadi Lenin. — Lekin buning ma’nosi nima ekanini chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerak. Buning ma’nosi shundan iboratki, hamma ortiqcha g‘alla davlatniki bo‘lishi kerak, har bir ortiqcha pud g‘allani davlat o‘z qo‘liga olishi kerak. Har bir ortiqcha pud g‘allani qidirib topib, olib kelib omborga to‘kish kerak».

Oziq-ovqat sohasidagi bunaqa mustabidlik har qancha shafqatsiz va insoniylikdan xoli bo‘lmasin, albatta, yagona maqsad emas edi — negaki, faqat oliy tabaqa va soqchilarnigina emas, qullarni ham boqish kerak edi. Qullar esa mute bo‘lsalargina ularga ovqat berilishini har doim esda tutishlari kerak. Shuning uchun ham hamma g‘allani qo‘lda saqlab turish va o‘z ixtiyoriga qarab taqsimlash zarur edi. «Chunki uni taqsimlash bilan, — deya karomat qilardi jahon proletariatining dohiysi, — biz mehnatning hamma sohalariga xo‘jayinlik qilamiz». Yo‘q, yo‘q, Leninning daholigiga shak keltirib bo‘lmaydi. Faqat shunisi borki, ularning barini Aflotun o‘ylab topgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:04:37
Dehqonlar masalasi hal bo‘ldi, shekilli. Xo‘sh, ishchilarni nima qilish kerak? Ma’lumki, bolsheviklar shu ishchilar nomidan va ularning manfaati yo‘lida harakat qiladi. Ular zavodlarda chalaqursoq holda chor-nochor hayot kechirishmoqda. Ko‘pchiligi fuqarolar urushi olovlarida, terror bo‘ronlarida qirilib ketdi. Qolganlari esa qachon bolsheviklar va’dalarini bajo keltira boshlashini behuda kutib yotishibdi. Axir, ular hamma narsani bab-baravar taqsimlab berishmoqchi edi-ku. Ularning ajoyib niyatlari bor edi. Bu niyatga ko‘ra, ishchilarni mehnat armiyalariga birlashtirish, uni polklar va batalonlarga ajratish va temir intizom o‘rnatish kerak edi. Bu loyihaning muallifi Trotskiy deyishadi. Lenin ham uni ma’qullagandek edi. Mabodo, bu masalada Trotskiy bilan Lenin o‘rtasida biror kelishmovchilik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, ular mayda-chuydalardagi arzimas ixtiloflardan iborat edi. Trotskiy mehnat armiyalarida harbiy jazolarni joriy qilish bilan cheklanishni taklif qilgan, Lenin esa dono boshini sarak-sarak qilib turib: «Otishlarni keng qo‘llash kerak», - deb ta’lim bergan. Aks holda hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shunday degan-u, lekin bu gapida qattiq turmagan. Bu borada Lenin haq ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatadi. G’alayonchilarni (bolsheviklar ish tashlagan ishchilarni shunday atay boshlashgan edi), albatta, sudsiz otib tashlash kerak. Bu masalada hammaning fikri bir joydan chiqqan. Garchi bularning bari izchillik bilan g‘oyatda shafqatsiz ravishda amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, negadir ikkinchi darajali masalalar deb qaralardi.

Rossiya zabt etildi, endi esa Leninning lutfi bo‘yicha: «Ovruponi nayza bilan qitiqlab ko‘rish fursati yetdi!»

Qizil Armiyaning Polshaga bostirib kirishi Butunjahon inqilobini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi birinchi qadam edi. Leninning tahliliga ko‘ra, Ovrupo mamlakatlarining muvozanati Versal shartnomasi degan omonat asosga tayanadi, «Qizil Armiyaning g‘olibona hujumi yana bir necha kun davom etsa, — deya karomat qiladi jangovar jazavaga tushgan dohiy, — nafaqat Varshava ishg‘ol qilinadi (bu unchalik muhim ham emas), balki Versal sulhi barbod bo‘ladi...» Polsha — Qizil Armiyaning Ovrupo sari yo‘lida bir ko‘prik, xolos. Polsha ko‘prigi orqali Germaniya proletariatiga yordam sari olg‘a!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:05:06
Sovet qo‘shinlarining qo‘mondoni M. Tuxachevskiy Zinovevga mashhur maktubini yo‘llaydi. Sovet Ittifoqining bo‘lg‘usi marshali harbiy nazariya bobida ilk bor javlon urar ekan, Kominternning bosh shtabini chaqirish kerakligini yozadi. Polyaklar uzil-kesil tor-mor qilingandan so‘ng bu shtab zudlik bilan Ovrupoga yorib kirish rejasini ishlab chiqishi zarur. Buning uchun Qizil Armiya saflarini butun dunyo proletariati hisobiga to‘ldirish kerak. Shunda «butun jahondagi burjua davlatlarini zabt etish uchun yetarli kuch barpo etilgan bo‘ladi».

Qizil Armiyaning Varshava ostonalarida tor-mor etilishi, uning yeldek chekinishi (Alam qilmaydimi! Axir, Gayning suvoriylari Germaniyaga kirib borishgan edi-ya!) Kremldagi sarguzashttalab muttahamlarning tarvuzini qo‘ltig‘idan tushirdi. Isyon ko‘targan Kronshtadt zambaraklarining sadosi jahonga hukmron bo‘lish haqidagi Leninning telbalarcha g‘oyalari ustidan motam marshiday yangradi.

Butun mamlakat isyonlar alangasiga chulg‘angan edi. 1920 yilning 13 avgust kuni mashhur Antonov qo‘zg‘oloni boshlandi. Bu qo‘zg‘olon butun Tambov gubernasiga va uning tevarak-atroflariga yoyildi. 40 ming ishchi va dehqon qo‘liga qurol oddi. Tambov isyonchilarining qurultoyi sovet hokimiyati tugatildi deb e’lon qildi va Ta’sis majlisiga yangi saylovlar o‘tkazishni talab qildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:05:44
1921 yilning yanvarida G’arbiy Sibirda isyonlar gulxani gurillab yondi. Bu yerdagi isyon 20 ta uezdga yoyildi. 60 minglik dehqon xalq armiyasi tuzildi, bu armiya hamma yo‘llarni to‘sib qo‘ydi va bir nechta shaharni, shu jumladan, Tobolskni ishg‘ol qildi.

Ukrainada Grigorev isyoni katta dong chiqardi. Isyonchilarning o‘z zambaraklari va zirhli poezdi ham bor edi. Bu g‘alayon xalqaro ahamiyat kasb etdi. Shu tufayli Qizil Armiya Ruminiya orqali Vengriyaga bostirib kirishga va Bela Kunning jinoyatkorona tuzumini tiklashga erisha olmadi. Bela Kun yana Moskvaga qochib kelishga majbur bo‘ldi. Zabt etilgan mamlakatda uning qiladigan ishlari ko‘p edi.

Ijevskda yalpi ish tashlash bo‘lib o‘tdi. Uning oqibatida o‘ttiz ming kishilik «Ijevsk Xalq Armiyasi» tuzildi. Shunisi ajablanarliki, ishchilar sof dehqoncha talablar bilan chiqdilar: ular oziq-ovqat solig‘ini bekor qilish va dehqonlarning mulkini musodara qilmaslikni talab qildilar. Qizil Armiyaga ham ishonib bo‘lmay qolgandi. Armiyadan qochish va xizmatdan bo‘yin tovlash o‘rta hisobda 20 foizni tashkil qilardi, ba’zi rayonlarda esa bu raqam 90 foizga yetardi. Faqat markaziy gubernalarning o‘rmonlarida 250 mingta qurolli qochoq daydib yurardi. Tula dehqonlaridan tashkil topgan bir piyodalar brigadasi Belorussiyada isyon ko‘tardi. Bu yerda mahalliy qo‘zg‘olonchi dehqonlar birlashgan va «Kommunistlarsiz, otuvlarsiz va bosqinlarsiz Xalq respublikasi» tuzishgan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:06:06
1920 yilning iyulida Sapojnikov degan qizil komandir 2700 ta qizil askardan iborat qismini isyonga ko‘targan. Bu isyon Volga bo‘yidagi ko‘pgina hududlarga yoyilgan va Sapojnikov o‘lib ketgandan keyin ham davom etgan. Sapojnikov halok bo‘lgandan keyin ham isyonchilar Serov boshchiligida 1922 yilning yanvarigacha faol harakat qilgan.

1920 yilning dekabrida Vakulin degan boshqa bir qizil komandir Donda isyon ko‘targan. Vakulin halok bo‘lgandan keyin uning o‘rniga boshchilik qilgan Popov 1921 yilning martiga kelib 6000 kishidan iborat qurollangan qudratli suvoriylar qo‘shilmasiga ega bo‘lgan. 1921 yilning yanvarida brigada komandiri Maslak 1-otliq Armiya tarkibidagi brigadasini olib ketib, dehqonlarning dongdor sardori Nestor Maxnoga qo‘shiladi.

Albatta, 1921 yilning martida Kronshtadtdagi harbiy-dengiz bazasi bosh ko‘targanda qo‘zg‘olonlar o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga chiqqan edi. O’shanda linkorlar zambaraklarining qudratli sadosi hammayoqni larzaga solgandi. Surbet Trotskiy to‘g‘ri qayd qilgandi — Kronshtadtda «dehqon Lenin bilan suhbatlashib, hamma gapi uning qulog‘iga yetib borsin uchun kemalarning zalvorli to‘plaridan karnay o‘rnida foydalangan edi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:06:27
Bu Leninning qulog‘iga yetib bordi. Jon-poni chiqib ketgan dohiy 1921 yilning 15 martida: «Biz hokimiyat tepasida zo‘rg‘a saqlanib qoldik», — deb tan oladi. Qo‘rquv va o‘z-o‘zini saqlab qolish tuyg‘usi unga birdan-bir to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib berdi. Bu — NEP yo‘li edi.

Buxarin eslaydi: «Biz hammamiz bamisoli qo‘ydek ashaddiy harbiy kommunizmga tarafdor bo‘lib turganimizda va mal’un dehqonni otuvlar bilan qo‘rqitib, bor g‘allasini berishga majbur qilayotganimizda, bugun bo‘lmasa ertaga sharmandai sharmsor bo‘lishimiz muqarrar ekanini hamda yaramas Paxom kallamizni sapchadek uzib tashlashi mumkinligini ko‘rib, bizga «To‘xtalaring! Bas qillaring, kallavaramlar! Qaytar aravangni orqaga!» deb hayqirgan Lenin emasmidi? Lenin emasmi eng so‘nggi daqiqada oziq-ovqatni tortib olishga chek qo‘yib oziq-ovqat solig‘iga o‘tishimizga majbur qilgan? Aytgancha, uning risolasi «Oziq-ovqat solig‘i to‘g‘risida» deb atalardi. Nazariy jihatdan juda nochor bo‘lgan bu risolani men rosa changini qoqib do‘pposlagandim. «Sof» kommunistlarni dahshatga solib (binobarin, meni ham dahshatga solib) NEPni e’lon qilishga jur’at qilgan va xuddi shu ishi bilan butun partiyani qutqarib qolgan Lenin emasmidi?!» Hamma narsa shundan dalolat beradiki, Lenin bu davrda butunlay vahimaga tushib qolgan va hamma narsadan hafsalasi pir bo‘lgan edi. «NEP»ning joriy qilinishi shuni yaxshi isbotlaydiki, bu jinoyatkor muttahamlardan birontasi ham hech qachon, na 1917 yildan avval, na undan keyin biron davlat tizimi yoki qurilishi haqida aniq rejaga ega bo‘lmagan. (Aflotunning rejasini aytmaganda. Keyinchalik Stalin uni namuna qilib olib, o‘z imperiyasini qurgan.) Ularning xatti-harakatlariga rahnamo bo‘lgan yagona narsa — Rossiyani talash va mahv etish, uning xalqini va madaniyatini talon-toroj qilishdan iborat edi. Jahon inqilobi masalasida ham hech qanday aniq va jo‘yali reja ko‘rinmaydi. Hamma narsa yo‘l-yo‘lakay xayolga kelib qolgan tarzda qilinavergan. Jahonga hukmron bo‘lishning aniq rejasini keyinroq Stalin tuzib chiqadi va bu rejaning ro‘yobga chiqishiga sal qoladi, faqat bunga Gitler bilan Ruzvelt xalaqit bergan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:07:59
Leninning ko‘nglini zabt etgan vahima o‘z sheriklarining ahvoli naqadar nochor ekanini anglash tufayli tug‘ilgan edi. Bu vahima terrorni yanada kuchaytirishga olib keldi. Petrogradda shosha-pisha juda uquvsizlarcha Tagantsev ishini shov-shuv qilishadi. Garchi bu ish avvalgi qirg‘inlardan omon qolgan dengiz ofitserlariga qarshi yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, unda Gumilyov halok bo‘ladi. Flot ofitserlarsiz kun ko‘rolmaydi, shuning uchun kemalarda sobiq gardemarinlar, michmanlar va leytenantlardan tarkib topgan ancha-muncha komandirlar bor edi. Ularning hammasini birvarakayiga qo‘lga olishdi. Bu Kronshtadt isyoni uchun intiqom edi, holbuki ular bu isyonda ishtirok etishmagandi. Isyonda qatnashganlar muz orqali Finlyandiyaga o‘tib ketishgandi. Leninning osiyocha kekchiligi ana shunaqa edi. Intiqomga chog‘langan Lenin Sovet respublikasiga flot kerak emas deb e’lon qiladi va ularni VChKning dengiz qismlari bilan almashtirish kerak deb hisoblaydi (1920 yilning noyabrida oqlar Qrimni tashlab ketishdi. Ayni shu vaqtda Qrimda o‘z vatani Vengriyadan qochgan Bela Kun mashhur Zemlyachka bilan birga paydo bo‘lib qoladi. Zemlyachka deganlarini keyinchalik Stalin, joniga tekkan Krupskayaning ta’zirini berib qo‘yish uchun, Leninga beva qilmoqchi bo‘lgan edi. Hamma narsa, an’anaga ko‘ra, ofitserlarni ro‘yxatga olishdan boshlandi. Frunze tantana bilan ularga afvi umumiy va’da qilgan edi. Ammo bir zumda otishlar boshlanib ketdi. Ko‘p o’tmay bu ommaviy qirg‘inga aylandi. O’lganlarni ko‘hna Genuaz quduqlariga tashlashdi, quduqlar to‘lib bitgandan keyin esa mahkumlarni o‘zlari uchun qabr qazishga majbur qilishdi. Odamlarga to‘la barjalarni dengizlarga olib borib, cho‘ktirib yuborishgan. Oilalar ham yo‘q qilingan. Hatto, emizikli bolali ayollar ham bag‘ritoshlik bilan otib tashlangan. Gospitallar va kasalxonalarga bostirib kirib hammani bir boshdan otib tashlayverishgan. Vrangel o‘zining yaradorlarini Qrimda Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining panohida qoldirgan edi. Ammo bolsheviklar kasalxonalar ustida hilpirab turgan qizil xochli bayroqlarga parvo ham qilishmagan. So‘ngra Qrimning hamma aholisiga anketalarni to‘ldirib, ularni mahalliy ChKga topshirish buyurilgan. Bajarmaganlar o‘lim jazosiga mahkum bo‘lgan. Lenin Qrimda zarur tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risida Trotskiyga maslahat berar ekan, donolik bilan qayd qiladi: «Qrim o‘zining inqilobiy harakatida uch yil orqada qoddi. Uni zudlik bilan Rossiyadagi umumiy inqilobiy saviya darajasiga ko‘tarmoq kerak». Hammadan ham ko‘ra otishlar Sevastopolda, Yaltada, Balaklavada va Kerchda ko‘p yuz berdi. Sevastopolda birnnchi navbatda 500 dan ortiqroq port ishchilarini otib tashlashdi - ular general Vrangelning jo‘nab ketayotgan kemalariga yuk ortishda qatnashgan ekan. Otilganlarning ro‘yxatini e’lon qilishdan uyalishmadi. 28 noyabrdayoq Sevastopolda otilganlarning birinchi ro‘yxati e’lon qilindi - unda 63 kishining, shu jumladan, 278 ayolning ismi bor edi. 30 noyabrda ikkinchi ro‘yxat e’lon qilindi -1202 kishi, shu jumladan, 88 ayol. Faqat birichchi hafta mobaynida Sevastopolda otilgan 8364 ta odamning ro‘yxati e’lon qilindi. Otishdan tashqari osish yo‘li bilan ham ommaviy qirg’in amalga oshirildi. «Naximov prospekti, — deb eslaydi shohidlardan biri — ko‘chada qamoqqa olingan va shu joyning o‘zila qatl etilgan ofitserlar, soldatlar va oddiy fuqarolarning jasadiga to‘lib ketgan. Ofitserlar, albatta, harbiy kiyimlarida, yelkalarida pogonlari bilan qatl qilinadi. Harbiy bo‘lmagailar yarim yalaig‘och holda osilib turardi. Boshqalarga "œibrat" bo‘lsin uchun hamma ustunlardan, daraxtlardan, hatto, haykallardan foydalanishgan. Tarixiy xiyobon havoda chayqalib turgan jasadlarga to‘lib ketdi. Naximov prospektida ham, katta Dengiz bo’yi ko‘chasida ham, Dengiz bo‘yi xiyobonida ham ahvol xuddi shunday edi. Ijrochilar, albatta, «baynalmilalchi»lar edi. Ularga Kayzer armiyasining sobiq ofitseri Bemer qo‘mondonlik qilgan. (1918 yilda u Sevastopolning nemis komendanti bo‘lgan edi.) Uning sovet komendanti sifatida chiqargan birinchi buyrug‘i aholiga «sovet hokimiyatining ijrochilari ustidan shikoyat qilishga haqi yo‘q»ligini, chunki aholi oqgvardiyachilar bilan hamkorlik qilganini tushuntiruvchi buyruq bo‘ldi. Bemer zarracha tap tortmay otish haqidagi buyruqlarga imzo chekardi. Jumladan, uning gospitallardan birida xizmat qiluvchi 23 hamshirani «ofitserlarni yashirgani uchun» va Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining 18 xodimini ham shunday «jinoyati» uchun otib tashlash haqidagi buyrug‘i saqlanib qolgan. Bir amallab omon qolganlar minglab kontslagerlarga jo‘natilar edi. Ular o‘sha kezlardayoq Arxangelsk gubernasida ko‘plab paydo bo‘la boshlagan edi.

Xo‘sh, Bela Kun bilan Zemlyachka nima bo‘ldi? - dersiz. Ular nima bilan mashg‘ul bo‘lishgan?

Hikoya qilishlaricha, Zemlyachka ba’zida odamlarni otish va qiynashlarda shaxsan ishtirok etgan ekan, ammo bu bevosita uning vazifasiga kirmagan, balki uning uchun shunchaki ermak bo‘lgan. Zemlyachka bilan Kun tuni bilan tonggacha Qrimda topilgan tilla va boshqa qimmatbaho buyumlarni to‘plash, hisobga olish va transportda jo‘natish bilan band bo‘lishgan. Terror har doimdagidek bir niqob bo‘lgan, xolos. Ofitserlarda molu dunyo ko‘p bo‘lmaydi, albatta. Ammo ba’zi birovlardan ozmuncha narsa olinmagan. Ammo bironta odamni ship-shiydam qilishgandan so‘ng qo‘yib yuborganlari to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ehtimol, bironta odyamni qo‘yib yuborgan bo‘lishlari ham mumkin, ammo G’arbda bunaqa odamlarlan hech kim paydo bo‘lgani yo‘q. O’lponni olishga olishgan-u, keyin otib tashlayverishgan. Qimmatbaho buyumlar ikki yo‘l bilan jo‘natilgan — biri G’arbga (mas’ul Bela Kun), ikkinchisi Shimolga — Moskvaga Goxranga (mas’ul o‘rtoq Zemlyachka).
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:09:26
Leninning kayfiyati bejiz buzilmagandi. La’nati «NEP» Leninning hamma odamlarini qattiq g‘azablantirdi. Ularning ko‘pchiligi Rossiyada muqim turib qolish niyatida emas edi, aksincha, ular o‘ljani taqsim qilib olgach, qanday paydo bo‘lib qolishgan bo‘lsa, xuddi shunday qo‘qqisdan g‘oyib bo‘lish payida edilar. Imkoni boricha bu yerda qolib hukmronlik qilish orzusida bo‘lganlar ham norozi edilar. Savdo erkinligi va erkin bozor tufayli ularning taxtlaridan muqarrar tarzda putur ketardi. Axir, Leninning o‘zi Kronshtadt isyoni arafasida X qurultoy minbaridan turib, o‘z hamkorlarining quloqlariga quyib, erkin savdoning joriy qilinishi «muqarrar tarzda oq gvardiyachilar hukmronligiga, kapitalizm tantanasiga, eski tuzumni to‘laligicha tiklashga olib keladi. Men takroran aytaman: bu siyosiy xatarni juda aniq tushunib olish kerak», - degan edi-ku! Lenin imkoni boricha ularni tinchlantirishga urindi. U yaqin safdoshlariga shaxsan xatlar yo‘llaydi, ularda ko‘p aytiladigan siyqa gaplar bor edi: «Biz strategik chekinishni amalga oshirmoqdamiz. Bu bizga yaqin kelajakda keng ko‘lamda hujum boshlashimizga imkon beradi. NEP terrorga xotima berdi, deb o‘ylash katta xato bo‘lur edi. Biz tez orada siyosiy terrorga ham, iqtisodiy terrorga ham qaytmog‘imiz kerak». Leninning miya xastaligi zo‘raydi (Lenin o‘lgandan keyin yorib ko‘rgan vrachlar miyasining yarmi tug‘ilgandan beri ishlamaganini ko‘rib lol qolishdi. Ikkinchi yarmi ham ohaksimon tuzilmalar bilan qoplangan bo‘lib, shu ahvolda ekanki, jahon proletariatining dohiysi qanday qilib tirik yurganini mutlaqo tushunib bo‘lmasdi. U bolaligidayoq o‘lib ketishi kerak ekan. Vrachlar bunaqa miya bilan inson yashashi mumkin emas, degan to‘xtamga kelishadi. Shunday ekan, Lenin bo‘lganmidi - yo‘qmi?)

Inessa Armand vafot qildi - u Lenin yaxshi ko‘rgan yagona ayol edi. Mamlakatda dahshatli ochlik boshlandi. Volgada odamxo‘rlik hollari ro‘y berdi.

Go‘yo bularning hammasi yetmaganday, tilla to‘la sandiqlar Goxrandan allaqayoqqa g‘oyib bo‘layotgani haqida chaquv keldi. Chaquvni 1921 yil 16 may kuni mashhur Yakov Yurovskiy yozgan edi. Bu o‘sha - 1918 yilning iyul oyida Yekaterinburgda podsho oilasini otishga rahbarlik qilgan, keyin ularning boyliklarini Moskvaga olib kelgan Yurovskiy edi. Ana shu ikkiyoqlama «qahramonligi» uchun Yurovskiy Goxranda ishlashga musharraf bo‘lgan edi. Lenin darhol Yurovskiyni huzuriga chaqiradi va salkam uch soatlik suhbatdan keyin allaqanday noma’lum odamlar Goxrandan mashinalarda tonna-tonna oltinni olib chiqib ketishayotganini bilib oladi. Bu odamlarning qo‘lida Xalq Komissarlari Sovetining ishlar boshqarmasi imzo chekkan va Leninning o‘zi roziligini yozma ifodalagan buyruqlari bor ekan. Yurovskiy bu buyruqlarning go‘yo qalbaki ekanini ma’lum qildi. Uning gapiga ko‘ra, bu ishda Goxranning ba’zi bir xodimlari ishtirok etgan bo‘lib, ularni ChK apreldayoq qamoqqa olgan va otib tashlagan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:10:02
Ma’lum bo‘ladiki, Lenin bu gaplardan butunlay bexabar ekan. Ammo bundan keyin ham tilla va brilliantlarni olib chiqib ketish davom etavergan. Yurovskiy go‘yo yangi-yangi qamashlarga ko‘rsatma bergan, unga endi Bokiy xalaqit bera boshladi. Petrogradda ulug‘ knyazlar bilan bo‘lgan mojarodan keyin Bokiy Moskvaga ishga o‘tkazilgan edi. Bu yerda u ChK kollegiyasining xodimi sifatida Goxran ishlarini nazorat qilardi. G’azab o‘tida yongan Lenin Bokiydan javob talab qiladi. U Bokiyning qanaqa odam ekanini va ishni ulgurji qilishini bilib olgandi. Uni vaqt-vaqti bilan fosh etib turish kerak edi. Shunda u qo‘lga kiritgan o‘ljalarini faqat bevosita boshliqlari bilangina emas, oliy rahbarlar bilan ham baham ko‘rardi. Qizig‘i shundaki, Yurovskiyning chaquvini Lenin ayni Bokiyga jo‘natgan va bu qanaqa gap ekanini tushuntirib berishni talab qilgan. Bokiy telefonnoma yuborish bilan cheklanib, Leninning so‘roviga dudmalgina javob bergan. 23 may kuni u Yurovskiyning ma’lumotlari, yumshoq qilib aytganda, juda mubolag‘ali deb aytgan. O’g‘irliklar chindan ham sodir bo‘lgan, lekin shunchalik mayda va arzimaski, bu to‘g‘rida gapirib o‘tirish ham ortiqcha, Yurovskiy aytgan hujjatlar masalasiga kelganda, ularning hammasi haqiqiy hujjatlardir, ular maxfiy hujjatlar sirasiga kiradi, lozim bo‘lsa, Leninning o‘zi bunga ishonch hosil qilishi mumkin. Allaqachon Goxranda mayda o‘g‘irliklarni imkoni boricha kamaytirish tadbirlari ko‘rib qo‘yildi. Ammo, deb ta’kidlaydi Bokiy, - Goxranda hozirgi xodimlar bor ekan, o‘g‘irlikka butunlay barham berishning iloji yo‘q. Bu gapi bilan Bokiy Yurovskiyga shama qilayotgan ko‘rinadi.

Bu ishda Leninning o‘zini tutishi bir oz g‘alatiroq. 1921 yil 24 mayda u Bokiyga asabiy bir maktub yo‘llaydi. Bu maktubda Yurovskiy tilga olgan go‘yoki qalbaki bo‘lgan hujjatlar va ularda o‘zining hamda Gorbunovning imzolari bor ekani tilga ham olinmaydi. «O’rtoq Bokiy! Siz jo‘natgan telefonnomani oldim. Mutlaqo qanoat hosil qilmadim. Bunaqasi ketmaydi. Siz bu ishni sinchiklab taftish qilib chiqishingiz va menga aniq ma’lumotlar berishingiz kerak. Siz bo‘lsangiz «umumiy nigoh», «mubolag‘a», «o‘g‘irlikka butunlay barham berishning imkoni yo‘q» (??!!) degan gaplarni gapirasiz. Bu doklad emas, bema’nilikdir.
1) Menga hamma mas’ul shaxslarni nomma-nom ayting.
2) Ish qanday tashkil qilinganini ayting.
3) Hamma o‘g‘irliklarni sanab ko‘rsating, hammasi aniq bo‘lsin, qachon, qancha o‘g‘irlangan?
4) Ishlayotganlarning hammasi qancha? (Ularning tarkibi? Staji? va h. k.).
5) Bu yerdagi o‘g‘irliklarni to‘xtatish uchun qanaqa tadbirlar ko‘rilyapti?
6) U yerda qachon sud bo‘lgan (IV, 1920)? Hamma yirik sud majlislari? Qancha odam jazolangan? Buni olganingiz haqida va ijro etish muddati to‘g‘risida meni ogoh qiling.
XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin)».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:11:23
VChKning taftish o‘tkazishini kutmay, Lenin 29 may kuni Moliya Xalq Komissarining muovini Alskiyga maktub yo‘llaydi. U bu ishga yaqinda o‘tkazilgan bo‘lib, ilgari ChKning hisob-taqsimot bo‘limida mudir bo‘lib ishlagan edi. Alskiy (yana bir familiyasi Malskiy) ishonsa bo‘ladigan odam, Parvus maktabini ko‘rgan, Lenin bilan birga Rossiyaga 1917 yil aprelida kelgan, o‘z ishini yaxshi biladi.

Lenin unga Goxrandagi tartiblarni mustahkamlash to‘g‘ri-sida shaxsan o‘zi tuzgan qo‘llanmani jo‘natadi. Qo‘llanma do‘q-po‘pisalarga ham to‘la bo‘ladi. Leninning fikricha, Alskiy ularni tushunmasligi mumkin emas: «O’rtoq Alskiy! Men uchun tayyorlangan quyidagi dokladga e’tiboringizni jalb etmoqchiman. Uni o‘rtoq Dzerjinskiy bilan kelishilgan holda men tomondan maxsus vakil qilingan VChK xodimi tayyorlagan. Goxranda ahvol yomon.

Bu masalaga sizning juda jiddiy e’tibor bermog‘ingizni so‘rayman. Birinchi navbatda siz, keyin Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari va o‘rtoq Bash maxsus Goxranga o‘n barobar ortiqroq e’tibor bilan qarashlaringiz talab qilinadi. Agar qisqa muddatda Goxrandagi ishlar butunlay yangidan tashkil qilinmasa va buning natijasida o‘g‘irlik qilish imkoniyatlariga butunlay xotima berilmasa, ayni choqda, hamma ishlar tezlashtirilib, ko‘lami kengaytirilmasa, Narkom muovini va Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari nafaqat partiyaviy, balki jinoiy javobgarlikka xam tortiladi. Goxrandagi ishlar sust boradigan bo‘lsa (qishda ishlash qiyin, qishgacha ko‘p narsani qilib ulgurish kerak), bu yerdagi o‘g‘irlikka xotima berilmasa, bundan Respublika juda katta talafot ko‘rmoqda, negaki, ayni hozirgi paytda - og‘ir kunlarda biz xorij bilan tovar almashish uchun juda tez sur’atlarda imkoni boricha katta mablag‘ni qo‘lga kiritmog‘imiz kerak. (Bu satrlar esingizda tursin, biz hali ularga yana qaytamiz - I. B.)
Quyidagilarni bajarish zarur:

1)  Goxran ishlarini zudlik bilan qayta qurish uchun o‘rtoq Bokiy bilan tez-tez kengashlar o‘tkazib turish kerak.
2)  Goxranni qo‘riqlash va nazorat qilishni benihoya mukammallashtirish lozim (maxsus to‘siqlar, kiyim-kechak uchun javonlar, maxsus to‘silgan kiyinish joylari, qo‘qqisdan qilinadigan tintuvlar, jinoiy qidiruv san’atining hamma qoidalariga amal qilgan holda ikki qayta va uch qaytalab o‘tkaziladigan tekshiruvlar va h.k.).
3) Zarur bo‘lgan hollarda Moskvadagi o‘nlab va yuzlab mas’ul hamda halol kommunistlarni bir oyda bir marta yo ikki marta qo‘qqisdan o‘tkaziladigan kunduzgi va tungi taftishlarga jalb qilmoq lozim. Xodimlarga ham, taftishchilarga ham beriladigan qo‘llanmalar imkoni boricha batafsil bo‘lsin.
4) Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari bemustasno ravishda oyda kamida bir marta qo‘qqisdan kechasi va kunduzi Goxranda xodimlarning ish joyida va o‘g‘irlik bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarda shaxsan taftish o‘tkazishlari shart.
Bu qog‘oz maxfiy bo‘lgani uchun, uni darhol menga qaytarib yuborishingizni talab qilaman, unga Moliya Xalq Komissarligi kollegiyasining hamma a’zolari tanishganlari haqida imzo cheksin.
29. V. XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin).
(P.S. 5. Agar Chutskaev ketib qolmagan bo‘lsa, u ham o‘qib chiqsin, uning ham gunohi kichkina emas!)»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:12:42
Bu hujjatda Lenin qanaqa «juda katta talafot» haqida gapiryapti? Yana uni maxsus ta’kidlab qo‘yibdi. Nahotki, yukchilar, narx qo‘yuvchilar, saralovchilar kabi mayda xizmatchilarning o‘g‘irliklari Goxranda «juda katta talafotni» keltirib chiqarishi mumkin? Axir, bu yerdagi xodimlarning hammasi har bir daqiqada jinday kirdikorlari uchun qamoqqa olinishi va otib tashlanishi mumkinligini yaxshi bilishardi-ku?! Goxranda ishlaydiganlarning deyarli hammasi ayni choqda VChKning xodimi edi. Shunday bo‘lgach, yana qanaqa taftishu tekshirishlarga hojat bor? Nihoyat, Lenin Alskiyga shama qilib, «imkoni boricha katta mablag‘ kerak» degan tovar ayirboshlash shu paytlarda qaysi xorijiy mamlakat bilan sodir bo‘lmoqda edi? Bu savollar har qancha sirli ko‘rinmasin, javoblari unchalik ham yashirin emas.

1920 yilning oktyabr oyidayoq o‘zini ozmi-ko‘pmi dadilroq his qilgan Lenin «Xorijga antiqa boyliklarni sotish to‘g‘risida»gi dekretga imzo chekadi. Bu dekret bilan u Rossiyaning milliy boyliklari xorijga ko‘chishiga imkoni boricha oshkora tus bermoqchi bo‘lgan. Sababi shundaki, shunga qadar amalga oshirilgan maxfiy operatsiyalar ancha-muncha qaltis bo‘lib, xarajati ham qimmatga tushardi. Ovrupoga «ekspert komissiyasi» jo‘natiladi, unga «haddan ziyod ishonchli» odam Rakitskiy boshchilik qiladi.

Parijda, Londonda va Florentsiyada dastlabki kim oshdi savdolari uyushtiriladi. Ular juda katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Katta janjal kelib chiqadi. Negaki, kim oshdiga qo‘yilgan buyumlarning egalarini ko‘pgina odamlar tanir edi. Buyumlarning sobiq egalari otib tashlangani yoki bedarak yo‘qolganidan ham xabardor edilar. Ammo hech kim antiqa buyumlarning g‘ayriqonuniy sotilayotganini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsata olmadi. Shu sababdan ish sudgacha yetib bormadi. Savdoga qo‘yilgan buyumlar bag‘oyat noyob bo‘lgani va narxi juda arzon bo‘lganidan kim oshdiga juda ko‘p odam yig‘ildi. U juda katta daromad berishi kerak edi. Yuzlab firmalar Leninning «ekspertlari»ni quchoq ochib kutib oldi va talonchilikda sherik bo‘lish istagini bildirdilar. Bu paytga kelganda Rossiyada musodara qilingan qimmatbaho buyumlarning miqdori minglab tonnalab, ko‘pincha esa kubometrlab o‘lchangan. Bir masala to‘g‘risida Ovrupo gazetalari avvaliga taajjub bilan yozishdi, keyin esa bu «oshkora» savdoda ishtirok etuvchilarning hammasi masalaning bir jihatiga e’tibor berishdi. Gap shunda edi-ki, kim oshdi savdosida tushgan pullarning hammasini sovet ekspertlari Rossiyaga jo‘natishni emas, Ovrupo va Amerika banklariga o‘tkazishni iltimos qilishdi. Ba’zi bir ekspertlar kim oshdida sotilgan narsalarning pulini naqd olishdi - ularning chemodanlari qog‘oz pullarga to‘ldi. Ish olamshumul ko‘lam kasb eta boshladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:13:14
Bu davrga kelib, lenincha nomenklaturaning shakl-shamoyili ancha namoyon bo‘lib qolgandi. Uning a’zolari dab-durustdanoq o‘zining haddan tashqari behayoligi va ochko‘zligini ko‘rsatdi. Markazqo‘m a’zolarining ko‘pchiligi qadimiy qasrlarda istiqomat qilardi. Ular qimmatbaho uy anjomlarini, tilla va kumush idishlarni, noyob gilamlarni, shuningdek, qadimiy ustalarning zalvorli oltin ramkalardagi rasmlarini jon-dillaridan yaxshi ko‘rishardi. Shinel bilan ityoqa ko‘ylaklar ular uchun allanechuk maxsus kiyimlar vazifasini o‘tardi. Qasrlarda, hatto, burungi zamonlarda xizmatkorlik hadisini olgan odamlar ham ishlashar edi. Moskva yaqinidagi knyaz Yusupovning qasrida Trotskiy istiqomat qilardi. Bu yerda, hatto, sobiq kornetlardan chiqqan abjir ad’yutantlar bor edi. Ular shaxdam qadam tashlab, kelishtirib chest berishar va eskichasiga sochlarining o‘rtasidan farqi ochilgan boshlarini bejirim egib turishardi.

Lenin garchi bu ishlarga kulib qarasa-da, lekin hech qaysisiga qarshilik ko‘rsatgan emas, negaki uning o‘zi o‘sha odamlardan a’lo emas edi. Har kuni Markaziy Qo‘mita oshxonasining talabnomalari va Kremldagi xizmat ko‘rsatuvchi har xil sohalarning qog‘ozlarini imzolar ekan, Lenin ularga berilayotgan oziq-ovqatlarning xillarini diqqat bilan kuzatib turgan. Bu ovqatlarning xillariga, albata, uvulduruqning uch navi, go‘shtning xilma-xil navlari, kolbasa, pishloq, tansiq baliqlar, Lenin o‘zi juda yaxshi qo‘radigan sho‘r bodringlar, qo‘ziqorinlar, uch xil kofe kirgan.

Xushta’m ovqatlar bobida Leninning suyagi yo‘q edi. Har kuni o‘n minglab odamlarning hayotini olib ketayotgan beqiyos ochlik vaqtida u Gorbunovga tanbeh berib, «kecha uvulduruq jinday hidlanib qolibdi», «qo‘ziqorinning suvi aynab qolgan ekan», «oshpazni bir hafta qamab qo‘yilsa chakki bo‘lmas edi», degan gaplarni bemalol aytavergan. Ulug‘ knyaz Sergey Aleksandrovichning Moskva yaqinidagi Gorki qishlog‘ida joylashgan qasri Leninning tasarrufiga o‘tdi. Qishloqning hamma aholisi ko‘chirildi. Bo‘shab qolgan uylariga «baynalmilalchi»soqchilar joylashdi. Ularning hammalarini bugun negadir birvarakayiga «latish o‘qchilari» deb atashadi. Holbuki, bu soqchilar safida bor-yo‘g‘i yigirmata latish bor edi, xolos.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:13:42
Bunaqa hayot, albatta, juda xush yoqar edi va hech kim undan mahrum bo‘lishni istamasdi. Shuning uchun Leninning hamma boyliklarini, avval, «jahon inqilobi» manfaatlari yo‘lida xorijga o‘tkazib, undan so‘ng juftakni rostlab qolish haqidagi dastlabki rejasidan xabardor bo‘lgan a’yonlar «qochish uchun hech qanaqa asos yo‘q» degan ma’noda dohiyga muntazam tazyiq o‘tkazib keldilar. Rossiyada «sotsializm» qurishda davom etish kerak — buni amalga oshirish yo‘llari juda yaxshi ishlab chiqilgan: musodara va otuv. Lenin har gal bu fikrlarga qo‘shilar edi. Hatto, 1921 yilning martida ham u o‘zining nutqlari va maqolalarida partiyaning aqidalari hamda siyosatida hech qanday zaiflashish va o‘zgarish bo‘lmaydi, deb safdoshlarini ishontirgandi.

«NEP»ning e’lon qilinishini, ya’ni mamlakatning ozmi-ko‘pmi madaniylashgan rivojlanish yo‘liga o‘tkazilishini ko‘plar «sotqinlik» deb, taslim bo‘lish va «qochishga tayyorgarlik ko‘rishga» chaqiriq deb qabul qildi. Lenin buning aksini isbot qilishga har qancha urinmasin, hamma uning tuturiqsizligi, mug‘ombirligi va ayyorligini yaxshi bilib qolgan edi. ChKning egri-bugri yo‘laklari bo‘ylab bir fikr ilonday vishillab o‘rmalay ketdi. «Ilichni oradan ko‘tarish kerak». ChK qimmatbaho buyumlarni Goxrandan o‘zining maxfiy omborlariga ko‘chirish operatsiyasini boshlab yubordi. Boshqacha aytganda, mamlakatda qolmoqchi bo‘lganlar mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlardan o‘z ulushini ola boshladi. Ammo Leninning hokimiyati hali ancha qudratli edi. Bundan tashqari, ChK bilan Markazqo‘m o‘rtasida ham yakdillik yo‘q edi, ayni shuning oqibatida Leninning qattiq g‘azabini qo‘zg‘agan Yurovskiyning chaquvi paydo bo‘lgan edi.

Gleb Bokiy buyruqqa binoan tergovni boshladi. Birinchi bo‘lib Goxran xodimi Yakov Shelexes qamoqqa olindi va o‘g‘irlikda ayblandi. U Yurovskiyning do‘sti edi. Ularning ikkovi ham inqilobgacha zargar va soatsoz bo‘lishgan. Shelexesdan tez orada kerakli ko‘rsatmalarni ola boshlashdi. Yurovskiy Leninning huzuriga yugurdi va Lenin darhol Shelexesni ChKning changalidan qutqarishga urina boshladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:14:19
1921 yilning 8 avgustida u Dzerjinskiyning muovini va Bokiyning bevosita boshlig‘i Unshlixtga maxfiy maktub yo‘llaydi:

«VChKga. O’rtoq Bokiyga. Fuqaro Yakov Savelevich Shelexesning qamoqqa olinish sabablarini so‘rayman. Sud bo‘lgunga qadar uni partiyadosh o‘rtoqlari kafillikka olib tursa yoxud VChK hibsxonasidan Butir turmasiga o‘tkazib tursa bo‘ladimi?
XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Yo‘q, ovora bo‘lasiz! Shelexesning qamalishi leninchi-bolsheviklar safida chinakam sarosimalik tug‘dirdi. Ammo VChK, ehtimolki, o‘zi bino bo‘lgan kundan beri birinchi martadir, vahimaga tushgan dohiyning oh-vohini eshitmayotganga soldi. Leninning maktubiga Unshlixt shunday sharh yozdi:

«O’rtoq Bokiy! Zudlik bilan menga ma’lumotnoma bering...» Xuddi shu qog‘ozning o‘ziga Bokiy Lenin nomiga butun boshli bir maktub yozgan. Tergovni boshlash haqida Leninning o‘zi buyruq berganini eslatib, Bokiy o‘z taajjubini izhor qiladi - nega endi hozir - o‘g‘irlik qilgan odam fosh etilib, qamoqqa olinganda va sheriklarini aytib berayotgan bir paytda unga, ya’ni Bokiyga ochiqchasiga tazyiq o‘tkazib, Shelexesni jazodan qutqarib qolishga urinilmoqda? Shelexes haqida, deb ta’kidlaydi Bokiy tajanglik bilan, har kuni o‘n martalab so‘rashadi. Bu ishga xalaqit bermoqda. Balki, deb oshkora tahqir ohangida savol beradi Bokiy, — Lenin bilan Shelexes o‘rtasida unga, ya’ni Bokiyga ma’lum bo‘lmagan qaidaydir aloqalar bordir? Bo‘lmasa, Lenin nima uchun jon kuydirib uni himoya qilyapti va qutqarmoqchi bo‘lyapti? Maktubining oxirida Bokiy Lenindan «Goxran ishi bo‘yicha bo‘layotgan har xil tazyiqlar va talabnomalarga e’tibor bermaslik uchun ijozat so‘raydi» va Leninning so‘roviga kesib javob beradi: «Tergov davomida sudga qadar ozodlikka chiqarish mumkin emas deb hisoblayman».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:15:18
Leninning g‘azabi oshib-toshadi. U endi haddidan oshgan surbet ijrochilarga bevosita VChK raisi — Feliks Dzerjinskiyning o‘zi orqali ta’sir ko‘rsatishga harakat qiladi. Ammo Dzerjinskiy bilan Bokiy avvaldan topishgan, bir-birining tiliga tushunishadi. Mug‘ombir Dzerjinskiy gap nimadaligidan yaxshi xabardor, lekin shunday bo‘lsa-da, Leninning jonini xalqumiga keltirib, xunob qiladi: «Axir, o‘zingiz buyurgansiz-ku, Vladimir Ilich? Bu Shelexes deganlarining begunoh ekaniga nega buncha ishonmasangiz?» Dzerjinskiy Leninga va’da berib, Shelexesning ko‘rsatmalari ChKda go‘rga tiqilishini (Shelexes bilan birga) aytadi. Lenin sherigini qutqarishning iloji yo‘qligini tushunadi, ChK anchadan beri o‘ziga qarshi ham materiallar yig‘ib yuribdi. Sarosima ichida u Bokiyga maktub yozib, nega Shelexesning taqdiriga qiziqayotganini va uning qismatini yumshatmoqchi bo‘layotganini zo‘rma-zo‘raki tushuntirmoqchi bo‘ladi:

«1921 yil 9 avgust.
O’rtoq Bokiy!
Shelexes (Yakov Savelevich) haqidagi maktubda siz «hatto Leningacha uning tashvishida yurishibdi» deb yozasiz va Goxran ishi bo‘yicha bo‘layotgan har qanaqa tazyiqlar va talabnomalarga mutlaqo e’tibor bermaslikka ijozat so‘raysiz.
Bunga ijozat berolmayman.
Men tomondan yuborilgan so‘rov na «tazyiq», na «talabnoma», na birov dardidagi «tashvish emas.
Modomiki, menga biror ishning to‘g‘riligiga shubha bor ekanini aytishganda, bu masalani so‘rov yo‘li bilan aniqlash burchimdir.
Siz menga bor gapni aytishga majbursiz, «dalillar yoki fosh qiluvchi ashyolar bor», «ular falondaqa, pistondaqa, juda jiddiy» demog‘ingiz lozim. Men «ozod etishga», «yumshatishga» va h.k., va h.k.larga qarshiman.
Shunday tarzda siz menga masalaning mohiyati bo‘yicha javob bermog‘ingiz kerak.
Talabnoma va «tashvishlar»ni rad etishingiz mumkin, «tazyiq» g‘ayriqonuniy harakat. Ammo takroran aytaman — XKS Raisining so‘rovini talabnoma, tashvish va tazyiq bilan aralashtirib yuborishingiz xatodir.
XKS Raisi V. Ulyanov (Lenin)».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:16:33
Xo‘p, yaxshi, yaxshi. Kechirasiz Vladimir Ilich. Biz sizga aslo pand bermoqchi emasmiz. Ammo siz ham, marhamat qilib, bizning ishimizga aralashmang-da! Axir, gap nimada ekanini o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku! Axir siz o‘zingiz 1921 yilning aprelida, bizga quyidagi maktubni yuborgan edingiz:

«Mutlaqo maxfiy!
O’rtoq Unshlixt va Bokiyga! Bu ish emas, rasvogarchilik! Bunaqa ishlab bo‘lmaydi. Nimalar deb yozayotganlariga qiziqib ko‘ring. Zarur bo‘lsa, Moliya Xalq Komissari va o‘rtoq Bash bilan birga o‘g‘irlik qanday sodir qilinayotganini toping.
Qog‘ozlarni maxfiyligi sababli ilova bilan o‘z fikringizni qo‘shib darhol menga qaytaring.
24. IV. XKS Raisi Lenin».

Ilova «Nyu-York tayms» gazetasidan qirqib olingan parcha edi. Uning tarjimasi ham bor bo‘lib, yozuviga qaraganda tarjimani shaxsan Leninning o‘zi qilgan:
«Bolshevistik Rossiyadagi «ishchi» rahbarlarning ko‘zlagan savdoyi orzusi ikkinchi Horun ar-Rashid bo‘lishga urinishga o‘xshaydi. Faqat farqi shundaki, afsonaviy xalifa behisob boyliklarini Bag‘doddagi o‘zining qasrida yerto‘lalarda asragan, bolsheviklar esa, aksincha, barcha boyliklarini Ovrupo va Amerika banklarida saqlashni afzal ko‘radilar. Bizga ma’lum bo‘ldiki, faqat o‘tgan yilning o‘zida bolshevik rahbarlarining hisobiga quyidagi pullar tushdi:

Trotskiydan AQShning faqat bitta bankiga 11 million dollar va Shveytsariya bankiga 90 million shveytsariya franki;
Zinovevdan Shveytsariya bankiga 80 million shveytsariya franki;
Uritskiydan Shveytsariya bankiga 85 million shveytsariya franki;
Dzerjinskiydan 80 million shveytsariya franki;
Ganetskiydan 60 million shveytsariya franki va 10 million AQSh dollari;
Lenindan 75 million shveytsariya franki.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:17:06
Aftidan «jahon inqilobi»ni «jahon moliyaviy inqilobi» deb atasak to‘g‘riroq bo‘ladi, shekilli. Bu «inqilob»ning butun ma’nosi shundan iboratki, jahonning pulini yigirma-o‘ttizta odamning joriy hisobiga o‘tkazish kerak. Lekin bularning baridan biz bitta bemazaroq xulosa chiqaramiz: Bolsheviklar nuqtai nazaridan Shveytsariya banklari Amerika banklariga qaraganda har qalay, ishonchliroq bo‘lgan. Hatto, marhum Uritskiy ham pullarini shu yerda saqlashda davom etadi. Shunday ekan, biz o‘zimizning moliyaviy siyosatimizni uni ko‘proq federallashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishimiz kerak, degan xulosa kelib chiqmaydimi?»

Tergov shiddat bilan boshlandi. Moskvada «Assoshieyted Press» agentligining muxbiri, Amerika fuqarosi Margarita Garrison josuslikda ayblanib qamoqqa olindi, bir oz o‘tgandan so‘ng Moskvaga Amerika sotsialistik ishchi partiyasidan Kominternning III Kongressiga vakil bo‘lib kelgan Amerika jurnalisti Adolf Karm qamoqqa olindi. Amerika fuqarolaridan yana bir necha kishi bandi qilindi. Ularning hammasi harbiy va siyosiy xarakterdagi razvedka materiallari to‘plashda ayblandilar. «Nyu-York tayms» — Amerika gazetasi, shunday bo‘lgach, uning kirdikorlariga amerikaliklar javob berishi kerak.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:17:35
Bunday mulohaza zamiridagi temir mantiqqa qaramay, Leninda boshqa bir fikr paydo bo‘ldi. Bu voqealar jarayonida VChKsi tushmagur o‘g‘irlik izlarini qidirayotgani yo‘q, balki ana shunday oddiy mug‘ombirlik bilan Leninning Amerika senatori Frens, injener Vanderbild va korchalon Xammer bilan bo‘ladigan muzokaralariga rahna solmoqchiga o‘xshaydi. Aytgancha, VChK bergan ma’lumotnomaga ishonib Lenin Vanderbildni milliarder deb hisoblab yurgan edi, holbuki, u oddiy injener ekan. Dohiyning dohiyona kallasida Rossiyaning jamiki yerosti boyliklarini sotish fikri paydo bo‘lib qoddi va u zo‘r berib «kontsessiyalar» haqidagi o‘z g‘oyasini targ‘ib qila boshladi. Chet ellarda turmaga tushib qolgan fuqarolarni qutqarib olish uchun hamisha imkoni bor jamiki xatti-harakatni qiladigan amerikaliklar Lenin bilan ko‘proq Karm va Garrisonni ozodlikka chiqarish to‘g‘risida gaplashishdi. Ular masalaning mohiyati haqida kamroq gaplashishdi, holbuki bu mohiyat ular uchun g‘oyatda qiziqarli va aql bovar qilmaydigan darajada daromadli edi... Ma’lum bo‘ldiki, Margarita Garrison Merilend shtati gubernatorining singlisi ekan, muzokaralar olib borayotgan Frens bo‘lsa, shu shtatning senatori bo‘lib chiqdi. Bularning bari Leninni tergovni shaxsan o‘z nazorati ostiga olishga majbur qildi va Lenin bir zumda chekistlar «o‘yin» qilayotganiga amin bo‘ldi. Amerikaliklarni qo‘yib yubordilar. Leninga ayon bo‘ldiki, «o‘g‘irliklar»ning izlanayotgan izlari to‘g‘ri ChKning ich-ichiga singib ketgan. Endi esa «o‘g‘irlik»ning bosh aybdori sifatida unga Shelexesni ro‘para qilishyapti.

Tilla bilan hokimiyat Leninning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketmoqda edi. Partiya bilan uning jangovar otryadi bo‘lmish VChK Leninni chetlab o‘tib, ikki lagerga bo‘linib ketibdi. Ular ikkita qudratli siymo — Trotskiy bilan kuchayib kelayotgan Stalin tevaragiga uyushishgan. Bu ikki siymoda bir-biriga zid ikki tamoyil mujassamlashgan — ularning biri o‘ljani olib qochish payida, ikkinchisi esa shu yerda qolib sotsialistik davlat qurish niyatida. Shunisi borki, hali bu mamlakatning hamma bor-budi shilib olingani yo‘q. Raqiblarni faqat bir narsa birlashtirib turadi - har ikkovining ham «NEP»ga toqati yo‘q edi. Lenin bularning barini juda yaxshi ko‘rib turar va bir-biriga dushman to‘dalarni yarashtirishning iloji bo‘lmasa, loaqal o‘zining tevaragiga yana jipslashtirish uchun mudom harakat qilardi. Lekin Shelexes ishi dohiyga yomon pand berdi. U jazavaga tushadi, so‘roq qaydnomalarini o‘ziga yuborishlarini talab qiladi, ammo ChK dohiyning ko‘rsatmalarini bajarishga sira oshiqmaydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:18:08
Leninning toqati toq bo‘ladi va 19 avgust kuni Unshlixtga quyidagi maktubni yo‘llaydi:

19. VIII. Mutlaqo maxfiy.
Urtoq Unshlixt! Iltimos — tegishli odamga topshirsangiz - u menga quyidagilarni jo‘natsin:
1) Qanaqa dalillar borligi haqida aniq ma’lumotnoma;
2) Shelexesning so‘rog‘i yoki so‘roqlaridan bir nusxa. Men bu to‘g‘rida yozgan edim. Tegishli odamga tanbeh bering. Bundan keyin imillamasin. Kommunistik salom bilan Lenin.

Ammo oltin ikki yo‘l bilan — xorijga va VChKning maxfiy omborlariga g‘oyib bo‘lishda davom etadi. Har ikki tomon ham bir-birini fosh qilish uchun imkoni bor hamma ishni qiladi, hatto, ayrim materiallarning G’arb matbuotida paydo bo‘lishiga ham yo‘l ochib berishadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:19:22
«Nyu-York Tayms» 1921 yil 23 avgust sonida yozadi: «1917 yilda Rossiyadagi to‘ntarishga o‘zlarining nemis filiallari orqali mablag‘ bergan «Kun, Leyba va K°» banki minnatdor mijozlari tomonidan unutilgani yo‘q. Joriy yilning faqat birinchi yarmi mobaynida bank Sovetlardan 102 million 290 ming dollarlik mablag‘ oldi. Inqilob dohiylari AQSh banklaridagi o‘z hisoblariga qo‘yilgan omonatni tobora ko‘paytirib bormoqdalar. Masalan, Trotskiyning bor-yo‘g‘i ikkita Amerika bankidagi joriy hisobidagi pul so‘nggi paytda 80 million dollarga yetdi. Lenin masalasiga keladigan bo‘lsak, u o‘z jamg‘armalarini zo‘r berib Shveytsariya bankida saqlashda davom etmoqda, holbuki, bizning erkin qit’amizda yillik foizlar ancha yuqori».

1921 yilning oktyabrida Shelexesni otib tashlashdi. «Bechora zargar»ni Butunrossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi qoshidagi Oliy Tribunalning Harbiy kollegiyasi sud qildi. Go‘yo Shelexes oddiy bir zargar emas, balki inqilob dohiylaridan biri yoxud marksizm nazariyotchisiga aylangan edi.

Ammo Lenin kurashni davom ettirishga urinadi. 1921 yilning 18 noyabrida u VChKga, Moskva ChKsiga va Moliya Xalq Komissarligiga buyruq yo‘llaydi:

«Hozirgi paytda turli-tuman davlat muassasalarida saqlanayotgan jamiki boyliklarni bir joyga jamlash maqsadida mazkur buyruq qo‘lga tegishi bilan uch kunlik muddat ichida hozir VChK ixtiyorida bo‘lgan jami qimmatbaho buyumlarni Goxranga topshirishni taklif qilaman. Xalq Komissarlari Sovetining Raisi V. Ulyanov (Lenin)».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:19:53
Hech kimdan sado chiqmaydi. Bu ham mayli-ya, Leninga Goxrandan axborot kelmay qo‘yadi. Axborot o‘rniga «Goxranga - zarbdor mehnat!» qabilidagi shiorlar kela boshlaydi. Go‘yo «Vladimir Ilich, o‘zingizning «NEP»ingiz bilan shug‘ullanavering, biz sizga ortiq ishlamaymiz. O’ljaga biz ham sherik bo‘lishni istaymiz», deb pisanda qilishayotganday.

1921 yilning 2 dekabrida Lenin o‘zining sadoqatli Gorbunovini maxfiy topshiriq bilan VChKga Menjinskiy huzuriga yuboradi. Gorbunov unga Leninning maktubini topshiradi:

«Mutlaqo maxfiy.
Menga maxfiy ravishda Gorbunov orqali hozir Goxrandagi ahvol qanaqa ekani to‘g‘risida axborot yuborsangaz. Xalq Komissarlari Sovetining Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

«Goxranda ishlar zarbdorlarcha bormoqda», — deb javob beradi Menjinskiy va ish ko‘pligini ro‘kach kilib, Gorbunovni huzuridan jo‘natib yuboradi. Harakatlar mantig‘i Leninga eslatadiki, u safdoshlarini o‘z tevaragida faqat bitta yo‘l bilan — ularni yangi ommaviy talovlarga jalb etish bilangina birlashtirishi mumkin.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:20:35
Mamlakatda dahshatli ochlik bo‘roni qattiq xuruj etmoqda edi. Ochlik Volgabo‘yi va Ukrainaning juda keng hududlariga yoyildi. Taxminan, bolalarni ham qo‘shganda, 20 million odam ochlikdan o‘lish xavfi ostida qoldi. Kreml hukumati pul yo‘qligini ro‘kach qilib, amalda ochlarga hech qanday yordam ko‘rsatgani yo‘q.

«Hamyonimizda hemiri yo‘q» deb takror-takror aytardi Lenin minbarlardan ham, Aleksey Maksimovich Gorkiy bilan qilgan xususiy suhbatlarida ham, Amerika biznesmenlari bilan bo‘lgan mubohasalarda ham. Pul yo‘q, ammo ochlarning g‘alayonlari o‘ta shafqatsizlik bilan ommaviy otish orqali bostiriladi. 1921 yilning iyunida Yekaterinoslavning och temir yo‘lchilari ish tashladi. Ishchilarni pulemyotdan o‘qqa tutdilar. Ish tashlash joyida 240 odam qo‘lga olindi, ulardan 53 kishi o‘sha zahotiyoq Dnepr bo‘yida otib o‘ldirilib, suvga tashlandi. Qolganlarini Umumukraina ChKsi jazolash uchun talab qilib olib, Ukrainaning o‘sha paytdagi markazi Xarkovga olib ketishdi. Maxsus maqsadga xizmat qiluvchi qismlar (ChON) och qishloqlarga yopirilib kirib, hammani yalpi otib tashlashar, keyinchalik bu qishloqda «eser-mensheviklar fitna ko‘targan» deb hujjatlarni rasmiylashtirib qo‘yishardi. Mamlakat bo‘ylab boshpanasiz qolgan millionlab bolalar to‘da-to‘da bo‘lib daydib yurishardi. Ular bolsheviklarning ommaviy qirg‘inlari tufayli ota-onalaridan ajragan. Ochlik yangi-yangi hududlarni egallab, borgan sari kenfoq yoyilmoqda. 35 millionga yaqin odam ochlik girdobida halok bo‘lishi mumkin.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:21:23
Petrograd, Odessa, Nikolaev shaharlarining elevatorlari yonida esa ajnabiy kompaniyalarning kemalariga g‘alla ortilmoqda. Bu g‘alla oltin evaziga chetga jo‘natilmoqda edi. Lenin ajnabiy birjalardagi ahvolni o‘rganib, oltin hisobida milliard so‘mlik rus yog‘ochlarini sotish imkoni bor-yo‘qligini aniqlaydi. Amerikalik «kontsessionerlar» dohiy bilan muloqotda Rossiya yerosti boyliklarini sotib olish tafsilotlarini aniqlaydilar. Eng mayda tafsilotlargacha, masalan, shaharlarda, konlarda rus ishchilariga qancha haq to‘lash kerakligigacha aniqlanadi. Amerikaliklar kuniga bir yarim dollardan to‘lashni taklif qilishadi. Lenin buni eshitib dahshatga tushadi. Zinhor-bazinhor bir tiyin ham to‘lash kerak emas. Biz o‘zimiz to‘laymiz. Siz, janoblar, tashvish chekmay qo‘yaveringlar. Amerikaliklar qandaydir nayrang bo‘layotganini his qilishadi. Qaerdaki hech qanaqa pul olishmas ekan, u yerda, albatta, allaqanday firibgarlik bo‘ladi. Mamlakat esa hamon ochlikdan qirilish yoqasida. Leninning «g‘alla monopoliyasi» haqidagi dohiyona bashoratlari juda ajoyib natijalar bermoqda. Mayda burjuaziya mafkurasining asosini, ya’ni dehqonlarni ochlik bilan butunlay holdan toydirish imkoni vujudga keldi. Bu otuvlardan yaxshiroqda! -Ochlikdan telba bo‘lgan olomon g‘alla omborlariga hujum qiladi. Yog‘och minoralardagi pulemyotlardan hech bir ogohlantirishsiz o‘t ochiladi va olomon shafqatsizlik bilan qiriladi. Atigi bir necha yiddan keyin bu dohiyona reja Stalin tomonidan takrorlanadi, ammo uniki bir necha barobar samaraliroq bo‘ladi.

20-yillardagi ochlikning ko‘lami va oqibatlari, ba’zi jihatlariga ko‘ra, 1932—1933 yillardagi sun’iy tug‘dirilgan ochlikka qaraganda yomonroq bo‘lgan. Lekin juda muhim farqi ham mavjud. Agar 1932—1933 yillardagi ochlik jahon afkor ommasidan butunlay yashirilgan bo‘lsa, 20-yillardagi ochlik, aksincha, bolsheviklar matbuotida har tomonlama keng yoritilgan. Matbuot hukumatning butkul ojizligini ta’kidlab, G’arbning insoniy yordamiga tavallo qilgan. Garchi partiya o‘zining aql bovar qilmaydigan behisob boyliklaridan bir tiyin sarflashni xayoliga keltirmagan bo‘lsa-da, uning ayrim vakillari o‘zlarining juda past darajadagi sinfiy ongini namoyish etib, qirilib borayotgan Rossiya bahonasida oziq-ovqat omborlarini va oltin xazinalarini ochmoqchi bo‘lishgan. Leninning Vladimir Bonch-Bruevich degan eski oshnasi bor edi. Bu noshud «Lenin saboqlari»ni o‘zlashtirolmay o‘tib ketdi. U Kreml hukmdorlarini qo‘lga kiritilgan o‘ljaning bir qismini xalq foydasiga sarflash kerakligiga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Modomiki, biz davlat ekanmiz, deya uqtirmoqchi bo‘ldi u (nima ham deysan - zotiga tortadida, u chor amaldorining o‘g‘li, chor generalining ukasi edida) - hozir musodara qilingan mulk ham davlatniki, binobarin, bu mulkdan xalq foydasiga istifoda qilinmog‘i kerak. Unga sabr-qanoat bilan tushuntirishdi — davlatning puli yo‘q, u nazarda tutgan boyliklar esa «partiyaning oltinlari». Ularning egasi partiya, faqat partiya. Bu boylik partiya qo‘lidagi bo‘lajak mehnat va sarmoya kurashida muhim strategik quroldir. Yo‘q, tushunmadi, tushunadiganroq bo‘lsin deb qamab qo‘yishmoqchi bo‘lishgan edi, Lenin eski oshnasining  joniga oro kirdi («Kim burjuyligini o‘zim hal qilaman»). «Ilmiy ish» qilsin, deb kavushini to‘g‘rilab qo‘yishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:22:11
«Inqilobning bo‘ron qushi» — qanotlari qayrilgan va yulingan Gorkiy ochlarga yordam so‘rab Leninning huzuriga kirishga muvaffaq bo‘ldi. «Ochlarga yordam qilishimiz uchun pulimiz yo‘q, - deb gapni cho‘rt kesdi Lenin. - Burjuaziyadan bizga vayronlik, muhtojlik, qashshoqlik meros qoldi». Shunday bo‘lsa ham, Gorkiyga ba’zi bir jon saqlab qolgan ziyolilardan ochlarga yordam qo‘mitasi tuzishga va G’arbdan madad so‘rashga ruxsat berdi.

Albatta, birinchi bo‘lib, Amerikadan sado chiqdi. Bu paytga kelganda Amerika Insoniy Yordam Ma’muriyatini (ARA) tuzib ulgurgan va urushdan keyingi Ovrupoga yordam berayotgan edi. 1921 yil dekabrida Qo‘shma Shtatlar Kongressi Rossiyadagi ochlar uchun yordamga deb 20 million dollar ajratdi va AQSh fuqarolarini o‘z shaxsiy mablag‘laridan Rossiyadagi ochlar foydasiga yordam ko‘rsatishga chaqirdi. AQShning bo‘lg‘usi Prezidenti Guver rahbarlik qilgan ARAning ixtiyoriga hukumat va xususiy odamlar tomonidan 45 million dollar o‘tkazildi. Bu ishga boshqa xalqaro tashkilotlar ham qo‘shildi. Ular o‘z vakillari orqali yordam qanday taqsim qilinayotganini qattiq nazorat qildilar va hammasi bo‘lib 137 million dollar sarflab, 22 million 700 ming kishini o‘limdan saqlab qoldilar.

Lenin «Ochlik» deb atalgan juda puxta o‘ylangan tadbirni oxirigacha yetkazishga yuragi betlamadi - ochlikdan «atigi» 6 million odam o‘ldi, xolos. Bu esa safdoshlarining Ilich jahon proletariatining dohiysi bo‘lishga ortiq yaramay qoldi degan taxminlari to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ammo Lenin yana bir bor o‘zining so‘nmas dahosini namoyish etganda uning ham o‘ng tomonidagi, ham so‘l tomonidagi sheriklari rosa hayron qolishdi. Ochlik balosiga qarshi kurashda «sovet hokimiyati»ning butkul nochorligini ko‘rib, patriarx Tixon rahbarligidagi Rus Pravoslav cherkovi ortiq chidab turolmadi. 1917 yildan boshlab «oltin vasvas»iga yo‘liqqan «baynalmilalchilar» imperatorlarning sag‘analarini, podsholarning qabrlarini, qari avliyolarning go‘rlarini buzib oyoq osti qila boshlagandan beri cherkovning yangi hokimiyatga qarshi munosabati oshkora dushmanlik tusiga kirgandi. Lenin birinchi kunlardanoq cherkovga qarshi ochiq hujum boshladi, u cherkovni «davlatga mansublik» maqomidan mahrum etish haqida, cherkov va monastir yerlarini musodara etish to‘g‘risida, cherkovga «diniy marosimlar»ni o‘tkazishdan boshqa har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlovchi dekretlar qabul qiddi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:23:04
Ammo vaqt-soati kelguncha oqlar bilan oshkora qurolli kurash borayotgan fursatlarda Lenin o‘zining ham, sheriklarining ham ishtiyoqlarini tiyib turishga majbur edi. Rus xalqining ko‘pchiligi o‘rtasida cherkov juda katta obro‘-e’tiborga ega edi va fuqarolar urushi kunlarida taqdirning omonat turgan tarozisining bir pallasiga bu obro‘-e’tibor og‘ir tosh bo‘lib tushishi mumkin edi. To‘g‘ri, o‘shanda ham ruhoniylarni otishgan, cherkovlarga o‘t qo‘yishgan, talashgan, lekin bularning bari uyushmagan holda qilingan edi. Rost, o‘shanda ham Lenin masalaning eng muhim jihatini bir daqiqa bo‘lsin unutgan emas. Cherkov o‘zining 900 yildan ortiqroq muddatdagi tarixi davomida behisob boyliklar to‘plagan edi. Shohlar va imperatorlar, asilzodalar va badavlat savdogarlar cherkovga juda katta miqdorda pul va boyliklar sovg‘a qilishgan, ikonalarni oltin va kumushga o‘rashgan, qimmatbaho duru javohirlar bilan bezashgan. Muqaddas kitoblarning muqovalari zarhal bezaklar bilan naqshlangandi. Bir necha avlodga mansub mohir zargarlar tomonidan zeb berilgan cherkov bezaklari ibodatxonalar, monastirlar va qavmlarning faxri edi. Cherkov jamoatchilik o‘rtasida juda katta ishlarni amalga oshirardi - u bepul kasalxonalar, yetimxonalar, maktablar, o‘quv yurtlari, qari-qartanglar uchun boshpanalar qurgan. Inqilobgacha Rossiyada xristian ma’naviyati quruq gap emas edi — XX asr boshiga kelganda kundalik turmushda odam o‘ldirish kamdan-kam uchraydigan voqeaga aylangandi. Mabodo biron uezdda qotillik ro‘y berib qolsa, bu to‘g‘rida hamma poytaxt gazetalari hayrat bilan hang-mang bo‘lib yozar edi.

Cherkov o‘sha kezdagi sharoitda tilini tiyib, «faqir kishi panada» qabilida ish tutishi kerakligini anglardi, ammo «ishchi-dehqon hukumati» ishchi va dehqonlarning ochlikdan qirilib ketayotganini xuddi Neron yanglig‘ xotirjamlik bilan tomosha qilib turganini ko‘rib ortiq chidayolmadi. Patriarx Tixon Leninga maktub yo‘llab, cherkov boyliklarining bir qismini ochlarga yordam uchun g‘alla sotib olishga sarflashini taklif qildi. Patriarx sho‘rlikning ancha anoyi odam bo‘lganini aytmay qo‘ya qolaylik — u hukumat cherkovning bu mablag‘ini oladi-yu, uni ochlarning ehtiyojlariga sarflaydi deb o‘ylagan.

Lenin qattiq g‘azabga keldi. Patriarxning maktubini u cherkovning dag‘dag‘asi deb qabul qildi. Dohiyning aynigan miyasida olijanob va fidoyi xatti-harakatlarni anglashga o‘rin qolmagan edi. Har qanday harakatni u faqat siyosiy hayot-mamot jangi nuqtai nazaridangina baholardi. Cherkov hukumatni xijolatga solib qo‘ygandi. Hukumat faoliyat ko‘rsatmayapti, shuning uchun cherkov «bizni tahqirlash maqsadida, o‘zining ta’sirini ko‘rsatib qo‘yish niyatida» boyagi takliflarini pesh qilmoqda. U go‘yo bizni nazorat qilayotganday. Bizga dashnom bermoqda. Yo‘q, hech narsa qilolmaysiz, mug‘ombir poplar! Hech narsa kelmaydi qo‘lingizdan! Biz boshqa yo‘ldan boramiz!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:24:01
Apil-tapil Siyosiy byuroni yig‘ib, Lenin Patriarxning maktubini o‘qib berdi va cherkov a’yonlari bilan hisob-kitob qiladigan fursat kelganini aytdi. Cherkovni ochlarga yordam ko‘rsatish uchun o‘z boyliklaridan sarflashni xohlamayapti deb ayblash kerak, shuning uchun sovet hukumati cherkovning hamma boyligini musodara qilishga majbur. Siyosiy byuroga bu gaplar juda xush yoqdi. Axir, yaxshi-da! Lenin bo‘lajak tadbirning maqsadlarini ta’kidladi: partiya jamg‘armasiga oltin hisobida bir necha yuz million (bir necha milliard bo‘lsa ham ajab emas) so‘mlik mablag‘ qo‘shilar ekan. Hech kim qancha mablag‘ tushishini aniq bilmas edi. Bu esa jazavani zo‘raytirib, qat’iy harakatlarga undar edi.

Patriarx Tixon o‘zining olijanob taklifiga sovet hukumati nima deb javob berishini kutib o‘tirar ekan, Lenin 1922 yil 23 fevralda «Cherkov boyliklarini ochlar foydasiga musodara qilish haqida»gi dekretga imzo chekdi.

Bu dekret Ilichdan hafsalasi pir bo‘lganlarning hammasini, hatto, Stalinni ham g‘oyatda xursand qildi. Juda katta ishni amalga oshirish kerak edi. Mamlakatda 80 mingga yaqin xristian cherkovi bor edi. GPU otryadlari (endilikda VChKning nomini shunday atay boshlashgan edi) ibodatxonalar va monastirlar sari tashlandilar. Xudojo‘ylar o‘zlarining muqaddas buyumlarini jon-tanlari bilan himoya qilishdi. Hujum qilayotganlar zarracha ikkilanmay ularga qarshi o‘t ochishdi. Cherkovlarda qo‘lga ilinadigan boyliklarning hammasi tortib olindi, hatto, Ivan Grozniy va Romanovlar sulolasining birinchi podsholari davridagi buyumlar ham sandiqlar va qoplarga joylandi. Bezak tarzida o‘rnatilgan duru javohirlar ajratib olindi, tilla va kumush pullar musodara qilindi. Qadimiy ikonalar, noyob qo‘lyozmalar, XIII asrga mansub Injil yondirildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:25:08
Ammo bularning bari hali holva edi. Lenin dekretidan gangib qolgan patriarx Tixon o‘ziga kelib «Rossiya Pravoslav cherkovining jamiki qavmiga» xitobnoma bilan murojaat qildi (28 fevral). «Cherkov nuqtai nazaridan bunaqa tadbir ashaddiy kufr hisoblanadi. Biz ibodatxonalardan muqaddas buyumlarning tortib olinishini ma’qullay olmaymiz. Hatto, ular ixtiyoriy tarzda tuhfa qilinganda ham, ularni olish mumkin emas, chunki umumjahon cherkovining qarori bilan muqaddas buyumlardan ibodatdan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi va ashaddiy kufr sifatida jazolanadi».

Hazrat patriarxning xitobnomasi cherkov minbarlaridan o‘qib eshittirildi, qo‘lma-qo‘l bo‘lib, og‘izdan-og‘izga ko‘chdi, uylarning devorlariga yopishtirildi. Xitobnoma xalqni qarshilik ko‘rsatishga undardi. Butun mamlakat bo‘ylab ibodatxonalar tevaragida haqiqiy qirg‘inbarot boshlandi.

Ammo qurolsiz xudojo‘ylar tish-tirnoqlarigacha qurollangan chekistlarga uyushgan tarzda qarshilik ko‘rsatolmas edi. Ko‘p joylarda olomonni pulemyot bilan tarqatib yuborishar, qo‘lga olinganlarni esa o‘sha kuniyoq otib tashlashardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:25:50
Ammo oddiy rus kishilari o‘rtasida cherkovning obro‘yi nechog‘li baland ekanini tushungan va umumxalq isyonidan hadiksiragan hukmdor arboblar har doimgidek munofiqlik yo‘liga o‘tdilar va yolg‘on xitoblar bilan «xalqqa» murojaat qilib, «mehnatkash omma»ning qo‘ltig‘iga suv purkadilar. 1922 yilning 28 martida hukumat axboroti e’lon qilindi: «Cherkovni va xudojo‘ylarni qay bir yo‘sinda bo‘lmasin ta’qib qilish haqidagi fikr hukumatga butunlay yotdir. Boyliklar xalq mehnati bilan bunyod etilgan va ular xalqnikidir. Agar qimmatbaho buyumlar boshqa soddaroq buyumlar bilan almashtirilsa, diniy marosimlarni amalga oshirish bundan mutlaqo zarar ko‘rmaydi. Qimmatbaho buyumlar esa yetarli miqdorda g‘alla, urug‘, chorva, asbob-uskuna xarid qilishga imkon beradi. Bu esa o‘z navbatida faqat odamlarning hayotinigina emas, balki Volga bo‘yidagi va Sovet Federatsiyasining ochlikdan azob chekayotgan hamma joylaridagi dehqonlarning xo‘jaligini ham saqlab qoladi... Ammo hashamga ko‘milgan, tillaga, shohi atlaslarga, duru javohirlarga o‘rgangan cherkov rahnamolarigina bu xazinalarni millionlab halok bo‘layotgan odamlarni qutqarish ishiga berishni istamaydi. Har qanday qilib bo‘lsa-da, boyliklarni o‘z qo‘lida saqlab qolishni istagan cherkov rahnamolari jinoyatkorona fitnalar qilish va oshkora isyonlar uyushtirishdan ham toymayapti. Xudojo‘ylarning ehtiyojlariga avvalgiday diqqat-e’tibor bilan qarashda davom etgan holda Sovet hukumati cherkovning imtiyozli rahnamolari ishchi-dehqon davlati ichida cherkov sardorlari uchun alohida bir davlat tuzmoqchi bo‘lsalar, bunga bir daqiqa ham toqat qilib turolmaydilar».

E’lon qilingan murojaatnoma cherkov bilan xudojo‘ylar ommasi o‘rtasiga nifoq solishga qaratilgan edi. Ayni choqda, unda Pravoslav cherkovi rahbariyatiga oshkora tahdid ham mavjud edi. Odatdagidek, bu murojaatnomada Kremlda allaqachon qabul qilingan maxfiy qarorlarning aks-sadosi yaqqol sezilib turardi. Lenin juda ko‘tarinki ruhda edi. Uning avvalgi g‘ayrati va jangovar shijoati qaytib keldi. «Talanganni tala!» degan dohiyona shiorni maydonga tashlagan paytlaridagidek ko‘zlari yalt-yalt porlardi.

1922 yilning 19 martida u Siyosiy byuro a’zolariga, GPU rahbariyatiga, Adliya Xalq Komissarligiga va Inqilobiy tribunalga maxfiy dasturiy maktub yo‘llaydi. Bu vaqtda ularning hammasi cherkov boyliklarini tortib olish to‘g‘risidagi Dekretni yaxshiroq va hamjihatroq bajarish masalasida kengashga tayyorlik ko‘rmoqda edilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 15 Iyul 2011, 20:27:04
«Bu kengashda, - deb ko‘rsatma beradi Vladimir Ilich, — qimmatbaho buyumlarni tortib olish haqida, ayniqsa, eng boy monastirlar, ibodatxonalar va cherkovlarning boyliklarini musodara qilish haqida maxfiy qaror qabul qilish kerak. Qarorda bu ishni shafqatsiz qat’iyat bilan, hech narsani yuz-xotir qilmay, juda qisqa vaqt ichida o‘tkazish zarurligi ta’kidlansin. Shuning uchun biz reaktsion burjuaziya va reaktsion ruhoniylar vakillarini qancha ko‘proq miqdorda otib tashlashga muvaffaq bo‘lsak, shuncha yaxshi. Ayni hozirgi paytda bularning ta’zirlarini shunday bermoq kerakki, toki ular keyingi o‘nlab yillar mobaynida qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirmasinlar. 19.III.1922.
Xalq Komissarlari Soveti Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Insoniyat tarixida hech qachon, hatto, qadimgi zolim podsholar zamonida ham bironta davlat boshlig‘i bunga o‘xshash hujjat ostiga imzosini qo‘yishga jur’at qilmagan edi. O’z tuzumidagi jinoyatlarga ko‘p hollarda shaxsan o‘zi fatvo bergan Leninning qat’iyati Stalinning ham, Gitlerning ham havasini keltirgan edi. Stalin Leninning qat’iyati haqida hamisha qoyil qolib gapirardi, bu bilan u go‘yo o‘zining qat’iyatsizligini ta’kidlamoqchiday bo‘lardi. Stalinning o‘zi ko‘p hujjatlarga imzo chekishdan hadiksirar, hatto, harbiy zaruriyat majbur qilganida ham Leningrad ko‘priklari va Moskva korxonalarini portlatish haqidagi buyruqni imzolamagan edi.

O’ziga tobelarning jinoyatlari uchun mas’uliyatni bo‘yniga olgan dohiyning qatiyati ularni qoyil qoldirmasligi va unga hurmat tuyg‘ularini tug‘dirmasligi mumkin emasdi, chunki safdoshlar jinoyatni qilib qo‘yib, uning gunohini buyruq berganga ag‘darishi turgan gap. Mazkur masalada esa hamma mamnun edi: Trotskiy tevaragida uyushganlar mamlakatdan qochib qolishni o‘ylashar ekan, bu tadbir tufayli o‘zlarining g‘arbiy banklardagi joriy hisoblarida yotgan million-million mablag‘larini yanada orttirishga chog‘landilar, Stalinning tevaragiga uyushayotgan va borgan sari ko‘payib borayotganlar esa mamlakatda qolib, zabt etilgan Rossiyada rohat-farog‘atda hayot kechirib, uni bo‘lg‘usi kirdikorlari uchun bir zaminga aylantirish payida edilar. Ular bu mamlakatda qaroqchilik mafkurasini davlat diniga, Leninning o‘zini esa yangi dinning muqaddas sanamiga aylantirmoqchi edilar. Yangi din esa hamisha eskisini mahv etishni taqozo qiladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:44:23
Cherkovlar, Lenin buyurganidek, «shafqatsiz qat’iyat» bilan «juda qisqa muddat» ichida talon-toroj qilindi. 40 mingta ruhoniy, rohib va dyakonlar otildi, bundan tashqari, cherkov jamoalariga kiruvchi yana yuz ming xudojo‘y otib tashlandi. Sof daromad oltin hisobida ikki yarim milliard so‘mni tashkil qildi (qayta qurish va oshkoralik davridagi yuragi po‘killagan tarixchilarning o‘ta kamtarona hisob-kitoblariga ko‘ra). G’arb mutaxassislarining fikricha, bu raqamni uch baravar ko‘paytirish kerak. Har holda ibodatxonalar va monastirlarning soni juda ko‘p va ularning har biri kamida 300 yillik tarixga ega edi. Eslash mumkinki, ARA 137 million dollar sarflab, 20 milliondan ortiq odamning qornini to‘yg‘azdi va o‘limdan saqlab qoldi. Sovet statistikasining ko‘rsatishi bo‘yicha, 1922—1923 yillarda xorijdan 1 million so‘mlik g‘alla xarid qilingan (asosan urug‘lik uchun). Chorva va qishloq xo‘jalik asbob-uskunalariga kelsak, ular, umuman, xarid qilingani yo‘q. Bu behisob boylik qayoqqa ketdi? Axir, va’da qilinganday, shu boyliklarning o‘zinigina teppa-teng bo‘lib berilganda, hatto Rossiyadek xonavayron mamlakat ham juda qisqa fursatlarda Quvaytga o‘xshagan boy va gullab-yashnagan bir davlatga aylanardi. Ammo, tabiiyki, bunday bo‘lgani yo‘q, chunki ko‘zlangan maqsad butunlay teskari edi.

Bolshevik rahbarlar orasida eng rasvosi va eng qo‘rqog‘i bo‘lgan, shuning uchun ham inqilob dohiysining abjirligiga hammadan ko‘ra ko‘proq madhu sano o‘qib qoyil qolgan Buxarin o‘sha qahramonona kunlarni zavq-shavq bilan eslaydi: «... biz cherkovni ship-shiydam qilib shildik, uning «muqaddas qadriyatlari»ga o‘zimizning olamshumul targ‘ibotimizni qarshi qo‘ydik, bu boyliklardan ochlarga hemiri ham ajratganimiz yo‘q: pravoslav poplar yordamida GPU qoshida o‘zimizning «cherkovimiz»ni barpo etdik. Biz Filaretning donishxonasidagi bo‘tqani mening ko‘nglimga yaqin «kommunizm alifbosi» bilan, ilohiyot qonunini siyosiy savod bilan almashtirdik, shogird bolalarning bo‘yinlaridagi butlarini olib tashladik, ikonalar o‘rniga «dohiy»larning suratini ildik, avom dehqon uchun kommunistcha rasm-rusmlar bilan Ilichning maqbarasini ochmoqchimiz. Xo‘b ahmoqona mamlakat-da!»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:49:08
1922 yilning mayida patriarx Tixon Muqaddas Sinodning hamma a’zolari bilan birga qamoqqa olindi, 32 mitropolit va arxiepiskop otib tashlandi. Ammo rasman «otildi» degan bilan, aslida vahshiylarcha qiynab o‘ldirildi. Kiev mitropoliti Vladimir tanasi momataloq qilinib, bichilgan, keyin otilgan va qip-yalang‘och holda chohga uloqtirilgan. Patriarx qazo qilgan taqdirda uning o‘rnini egallashi kerak bo‘lgan Petrograd mitropoliti Veniamin qahraton sovuqda ustidan suv quyib yaxlatilgan, keyin cho‘ktirib yuborilgan. Bir vaqtlar o‘z ixtiyori bilan podsho yonidan surgunga ketgan Tobolsk yepiskopi Germogen tiriklay kema chambaragiga bog‘lab qo‘yilgan. Chambarak aylanib uning tanasini laxtak-laxtak qilgan. O’tmishda Yaponiyada xristian dinini targ‘ib qilib dong qozongan Perm arxiepiskopi Andronik tiriklay yerga ko‘milgan. Chernigov arxiepiskopi Vasiliy butga tortilib, yoqib yuborilgan.

«Ayni hozirgi paytda bularning ta’zirini shunday bermoq kerakki, toki ular keyingi o‘nlab yillar mobaynida qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirmasinlar. Lenin».

«Tillaning bahosi keskin pasayib ketishi tufayli jahon birjalarida vasvas boshlandi. Mutaxassislarning fikricha, buning asosiy sababi — jahon bozoriga Rossiyadan ko‘p tilla kelayotganida. Hozirgi paytda bu sho‘rlik mamlakatda hukmronlik qilayotgan bolsheviklar partiyasini bemalol «sariqiblis partiyasi» deb atasa bo‘ladi», — deb yozgan edi ingliz gazetasi «Gardian». 1923 yilning martida «Taym» gazetasi uning gaplarini quvvatlaydi: «So‘l sotsialistlar tomonidan Londonning tadbirkorlar mahallasida joylashgan ikkita olti qavatlik uyning har birini kim oshdi bahosida olti million funt-sterlingdan sotib olingani va to‘rt million funt-sterlingga Karl Marks dafn qilingan joyga uning hashamdor haykali o‘rnatilishi shundan dalolat beradiki, bolsheviklar Moskvada go‘yo ochlarga yordam uchun cherkovdan musodara qilgan pulni nimaga sarf qilishni yaxshi bilishadi. Mahv etilgan Rossiya nechog‘li boy mamlakat bo‘lganini biz endigina anglay boshladik».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:49:48
O’rta Osiyo mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng, Ovrupo o‘ttiz yillik urushdan keyin, Fransiya o‘n yil davom etgan o‘latdan keyin va hatto, ularning barini qo‘shib olganda ham xarobligi jihatidan Rossiya Leninning salkam yetti yillik hukmronligi oqibatida tushib qolgan holatiga qiyoslab ham bo‘lmasdi. Rus jamiyatining ma’rifatli a’zolarining ko‘pchiligi g‘oyib bo‘ldi — ular yo qirildi, yo dahshat ichida mamlakatdan qochdi. Terror, harbiy harakatlar va ochlik vajidan issiq joyidan begona bo‘lgan millionlab odamlar mamlakatning har tomoniga tarqalib ketdi. Inqilobdan avvalgi bir hovuch proletariat butunlay yo‘q qilindi. O’z xo‘jaligini Ovrupo andozalari darajasida yuritgan eng ilg‘or dehqonlar yo o‘ldirildi, yo noma’lum tomonlarga qochib ketdi. Iqtisodiyot izdan chiqdi. Bir vaqtlar dunyodagi eng qudratli daryo floti halok bo‘ldi. Rossiyaning iftixori — uning temir yo‘llari vayron bo‘ldi, vagonlar amalda yo‘q qilib bitirilgan edi. Xarob bo‘lgan cherkovlar kultepalar uzra halok bo‘lgan sivilizatsiyaga qo‘yilgan haykalday qaqqayib turardi.

Rossiya o‘liklarning suyaklari bilan qoplangan bepoyon dalaga aylandi - uning na ohi, na faryodi qolgan edi. Hammayoqda horg‘inlik, hammayoq oyoq osti qilingan, hammayoq ezib-yanchilgan, eng muhimi - hamma narsa o‘g‘irlangan va talab ketilgan. Podsholarning ag‘dar-to‘ntar qilingan maqbaralaridan tiriklar va o‘liklarning ag‘darilgan kissalarigacha. Hamma asrlarning «jahon inqilobi» degan nom ostidagi eng ulug‘ muttahamgarchilik amalda xotimasiga yetib qolgandi. Biror-bir raqam yo‘qki, bu tadbirni pulga chaqib, narxini aytib bera olsin. Rossiya deb atalgan bepoyon va ulug‘ mamlakatning jamiki milliy boyligi «PARTIYA OLTINI» deb atalgan bitta bahaybat yombiga jo qilindi. Lekin bu bilan hali ish bitgani yo‘q edi. Oldinda yanada dahshatliroq kelajak qora bulut bo‘lib ko‘lanka tashlab turardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:50:11
1922 yilning dekabrida kutilmaganda juda noxush bir voqea ro‘y berdi: Shveytsariya banki Leninning vakili Rotshteynga u mansub bo‘lgan firmaning (u esa bolsheviklar partiyasining vakili edi) sarmoya pullari uchta alohida hisobga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Shaxsiy hisobdagi pullar shundayligicha qolibdi. Qariya Parvus yana bir bor Leninning adabini berib qo‘yibdi. Bu bilan u har qanday ishda, ayniqsa moliyaviy ishlarda chalamullalik ketmaydi demoqchi bo‘libdi-da. Bu zarbadan Lenin yiqildi.

U o‘ziga kelar-kelmas, vrachlar va qarindosh-urug‘larining noroziligiga qaramay, o‘zini Kremlga olib borishlarini talab qiladi. Bu yerga kelib amin bo‘ladiki, bejiz xavotir bo‘lmagan ekan. Uning kabinetini rosa tintishibdi. Seyfni ochishibdi, undan «o‘ta maxfiy» hujjatlarni olishibdi, shu jumladan, bank qog‘ozlari, chek daftarlari va turli-tuman pasportlarni ham olishibdi. Sadoqatli Gorbunov ham g‘oyib bo‘libdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:50:48
Gorkida ulug‘ knyaz Sergey Aleksandrovichning sobiq qasri tevaragida baynalmilalchi jangchilar tunu kun soqchilik qilishadi. 1923 yilning izg‘irinli qahraton tunlaridan birida ular dahshatli uvlashni eshitdilar. Bu ovoz go‘yo uyning tagidan kelayotganday tuyulardi. Tun yarmidan og‘ib qolgan, osmonda to‘lin oy nur sochib turibdi. Miltiqlarning qulfini shaqir-shuqur qilib soqchilar ovoz kelayotgan joyga yaqinlasha boshladi. Ularning nazarida bo‘rilar xuruj qilganday edi. Ammo kelib qarashsa, bo‘ri ko‘rinmaydi. Birinchi qavatdagi oynavand ravonda yumshoq o‘rindiqda Lenin o‘tiribdi. Ustida telogreyka, oyog‘ida piyma etik. U horigan yuzini oyga tutib, cho‘zib-cho‘zib uvillamoqda edi. Yovuz ruh fazodagi birodarlariga iltijo qilib, uni ham o‘zlari bilan erkinlikka olib ketishlarini o‘tinmoqda edi. Lenin qilar ishini qilib bo‘lgan edi...

1924 yil yanvarining qahraton sovug‘ida ishchilar belkurak va misranglar bilan muvaqqat maqbara uchun poydevor kavlamoqda edilar. Bexosdan misrang kanalizatsiya quvurini teshib yubordi. Ammo sovuq shu qadar zo‘r ediki, teshik bir zumda muzlab qoldi. Uni payqashmadi.

Iliq bahor kunlari kelishi bilanoq quvur yorildi va maqbarani najosat bosdi. Uy qamog‘ida toliqib o‘tirgan patriarx Tixon bu xabarni eshitib, g‘ussa bilan dedi: «Gunohiga yarasha jazosi!»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:51:30
IKKINCHI QISM.

ISTILO.

Lenindan qolgan merosni ko‘zdan o‘tkazar ekan, Iosif Vissarionovich Stalinning norozi bo‘lishi uchun hamma asoslar mavjud edi. Birinchidan, u o‘zini hammadan ko‘proq qaroqchi urgan odamday his qildi. Rost-da, axir u - Markazqo‘m a’zosi, Lenin tuzgan birinchi hukumatning a’zosi, fuqarolar urushi jabhalarida sarsonu sargardon yurib, har daqiqada o‘qqa uchish, nayza zarbiga duch kelish, tilka-pora bo‘lish xavfi ostida eng og‘ir yumushlarni bajarib kelsa-yu, uni tunab ketishsa?...

Buni qarang — u tizzasidan qon kechib, ichterlamalar sassig‘ini yutib, ayni choqda yangi hukumat vakillarining aql bovar qilmaydigan fitnayu nayranglari botqog‘ida timirskilanib yurib, mamlakatning turli burchaklaridan Moskvaga vagon-vagon tillalar, eshelon-eshelon g‘alla (g‘alla deganlari esa vaqti-vaqti bilan tilladan ham qimmat edi) jo‘natib turgan bo‘lsa-yu, ko‘zini shamg‘alat qilib, bularning barini o‘g‘irlab ketishgan, xorijga o‘tkazib yuborishgan, shaxsiy hisoblarga, faol hissadorlik jamiyatlari hisobiga, o‘ng kelganda qo‘lga kiritilgan banklar hisobiga yozdirib qo‘yilgan bo‘lsa... Stalin bularning hammasidan butunlay bexabar edi deb-ku bo‘lmas. Xabardor edi, albatta. Ammo ishning haqiqiy ko‘lamini bilmas edi. Shuningdek, o‘z ulushi (qonuniy ulushi) bu darajada oz bo‘ladi deb o‘ylamagan edi. Uni Kremldagi yog‘liq joyidan va Kominterndan surib, Millatlar Xalq Komissari lavozimiga o‘tqazib qo‘yishgan va xo‘jako‘rsinga tuzilgan Rabkringa (Ishchi-dehqon nazorati) rais qilib qo‘yishgan edi. Shuning uchun Stalin bolsheviklar tomonidan zabt etilgan Rossiyada nimalar bo‘layotganini dabdurustdan anglab yetmadi. Aytgancha, u paytlarda o‘zicha hammasidan voqifman, hamma narsani fahmlab, bilib turibman deb o‘ylardi. Har bir kun uning uchun mutlaqo kutilmagan biror voqea olib kelar va ularni ko‘rib Stalin sodir bo‘layotgan hodisalarning fahmiga yetish chindan-da juda qiyinligiga, balki umuman mumkin emasligiga ishonch hosil qilardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:51:45
Fuqarolar urushi tamom bo‘ldi. Millionlab ko‘zlar unsiz bir savol bilan Leninga qadaldi: kelishib olinganiga ko‘ra «talangan» mablag‘ qachon bo‘lib beriladi? Lenin chaqqon harakatlar bilan kissasini ag‘darib ko‘rsatdi — mana, kissada hemiri ham yo‘q, la’nati burjuylar bor pulni bir tiyinigacha qoldirmay o‘zlari bilan olib qochib ketishdi. Hatto devorlardagi mixlargacha sug‘urib olib ketishdi, kema-kema tuzlarni gum qilishdi. Boshqa gapiradigan gapga hojat ham qolgani yo‘q. Ko‘plar tevarakka alang-jalang qarab, bu gapga ishondi. Ko‘plar bunda biror-bir olamshumul firibgarlik yo‘qmikin deb o‘ylab gumonsiradi. Stalin ishondi, chunki xazina oydagi chuqur kabi bo‘m-bo‘sh ekanini bilardi. Pullar xazinada emas. Xo‘sh, qaerda bo‘lmasa? Bu savol uning o‘zini ham qiziqtirardi. Ammo bundan ham ortiqroq uni boshqa bir masala tashvishlantirar edi - xo‘sh, endi bu yog‘iga nima qilish kerak? Ma’lum bo‘ldiki, bu masalada hech kimning, jumladan, Leninning ham biror-bir aniq rejasi bo‘lmagan ekan. Bundan ham taajjublanarli joyi shundaki, bu to‘g‘rida hech kim jiddiy o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Reja bajarildi, endi g‘oyib bo‘lish, erib ketish kerak, laqablarni o‘zgartirib, Atlantika yoki Tinch okeani to‘lqinlarining sadolari ostida tinchgina aysh-ishrat qilib yashayverish kerak. Bu — o‘marishga usta chapdastlarning mo‘ljali edi. Bunaqalar o‘ttiz kishicha. Xo‘sh, boshqalarchi? Ular nima qilsin?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:52:14
Nafasni rostlab o‘ylab olish uchun NEPni e’lon qilishdi. Shundan keyin Lenin kutilmaganda «xalqaro proletariat dohiysi» degan sifatini tark etdi-yu, ulug‘ davlatchilik vasvasasiga yo‘liqib, imperiyaparast bo‘ldi-qoddi - endi u jahon inqilobi haqida emas, Rossiya imperiyasini 1914 yildagi hududlarda tiklashni orzu qila boshladi. Avvaliga bunga ishonishmadi — nutqlarining matnini maxfiy ravishda psixiatriya ekspertizasiga jo‘natishdi - biror kor-hol bo‘lib qolmadimikin? U yerdan javob keldi — ha, ahvol chatoq: hayajoni haddan ziyod, gaplarida tuturiq yo‘q, jumlalar chala, ziddiyati ko‘p, muntazam ma’no yetishmaydi. Ammo ma’no bor edi. Buni Stalin darhol ilg‘ab oldi. Jahon inqilobidan hech narsa chiqmadi, shundoq bo‘lgach, Ilich bashorat qilganiday, «biz halok bo‘lamiz». Halok bo‘lmaslik uchun esa haddan tashqari qudratli bir davlat qurish kerak (Leninning nazariyasiga ko‘ra bu davlat allaqachon o‘lib ketishi lozim edi) va ayni ana shu qudratli davlatni qurol qilib olib, jahon inqilobini amalga oshirish kerak. Aytishga oson! Bularning bariga pulni qaerdan topasan? Axir, Vladimir Ilich, siz hamtovoqlaringiz bilan birga shunday badavlat mamlakatning hamma milliy boyligini tubsiz kissalaringizga joylab bo‘libsizlar-ku! Axir, sizning NEPingiz mamlakatni rasvo qilyaptiku! Bu mamlakat jahon inqilobining deposi edi, NEP tufayli u bepoyon bir xashaki bozorga aylanib qoldi-ku! Axir, sizning «eski bolsheviklar»dan tashkil topgan, maqtalgan gvardiyangiz dabdabayu hashamga berilib, ortiq hech narsa bilan qiziqmay qo‘ydi-ku! Qiziqsa ham, faqat kapitalistik mamlakatlardagi ko‘chmas mulku aktsiyalarning narx-navosiga qiziqadi, xolos, ko‘rsalar ham faqat o‘zlari uchun o‘zgalarning nomiga yozib berilgan xorijiy pasportlarni ko‘radi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:52:34
Sekin-asta hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlar ekan, Stalin hayrat bilan ko‘rdiki, bu ishda unga xalaqit beradigan odamning o‘zi yo‘q. Hech kim kelajak haqida jiddiy o‘ylayotgani yo‘q, hamma hozirgi kunidan rozi edi. Faqatgina nomi GPU deb o‘zgartirilgan ChK ishlar edi, ammo u ham allanechuk yalqovlik bilan ishlar, bir kunda otgan odami nari borsa, ikki yuz kishiga zo‘rg‘a yetardi. Chekistlar ham o‘zlarini aldangan deb hisoblardilar. Ular qo‘llarida tutuni chiqib turgan mauzerlar bilan besh yil davomida hamma boyliklarni markazga tashishdi, bu o‘ljadan o‘zlariga ham teng ulush tegishiga umid bog‘lashdi. Qani o‘sha behisob boyliklar? Umidlar umidligicha qolib ketaverdi. Stalin bu ahvoldan juda yaxshi foydalandi. U maxfiy politsiya ustidan nazoratni egallab olar ekan, hokimiyatning ijroiya organi uchun bundan puxtaroq biron narsa o‘ylab topishning iloji yo‘qligini yaxshi tushunardi. Lenin mehr bilan «bolsheviklar» deb atagan odamlar aynab rasvosi chiqib ketdi. Ko‘z ochib yumguncha-ya — bor-yo‘g‘i olti yil ichida shunday bo‘ldi!

Lenin bularning hech qaysisini ko‘rgan ham, anglagan ham emas deb bo‘lmaydi. Juda yaxshi tushunar edi. Ammo muxoliflarining ishtahalarini tiyib yurardi. Inson baxti — pulda emas. Nima qayoqqa g‘oyib bo‘lganini partiya biladi. Ming‘ir-ming‘irlarning ko‘payib borayotgani shu sababdanki, odamlarni kam ota boshladilar. Otuvni kengroq qo‘llash kerak o’rtoqlar! SSSRni barpo etish g‘oyasiga mubtalo bo‘lgan Lenin bo‘lg‘usi «ishchi va dehqonlar» davlatining huquqiy asoslari haqida ko‘p o‘ylaydi. Otuvlar qancha keng qo‘llansa, bo‘lg‘usi davlat shuncha qudratli bo‘lishiga Lenin astoydil ishonadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:53:04
1922 yilning o‘rtasida NEP avjga minib turgan kezlarda Lenin so‘nggi kuchlarini to‘plab, avvalgi obro‘-e’tiborini yangidan tiklashga yana bir bor urinib ko‘radi. U o‘z tarafdorlarini qaytadan o‘z tevaragiga to‘plamoqchi, ularni yangi bosqinlarga otlantirmoqchi va shu yo‘l bilan madordan qolib borayotgan qo‘llarida cheksiz hukmronlik jilovlarini tutib qolmoqchi bo‘ladi. Bu, albatta, qudratli sotsialistik davlat haqidagi orzularga uncha esh kelmaydi, ammo dohiyning tuturiqsizligi allaqachon yaqinlarini hayratga solmay qo‘ygan edi. Endi bu to‘g‘rida latifalar to‘qiladigan bo‘lgandi. Ha, bundan tashqari, yana kimni talasa bo‘ladi? Mamlakat allaqachon o‘lik sahroga aylanib bo‘lgan. Ammo ijrochilarning ko‘zigagina shunday ko‘rinadi. Daho esa hamisha olg‘a qaraydi va kelajakni tobeinlaridan ko‘ra yaxshiroq ko‘radi. NEPdan yog‘ bosgan mansabdorlar Leninga ulug‘ sotsialistik davlatning bo‘lg‘usi jinoiy kodeksi loyihasini berishadi. Vladimir Ilich hayotida so‘nggi marta ijodiy quvvati tomirlarida jo‘sh urganini his qiladiyu, loyihani qizil qalam bilan rosa bezab chiqadi.

Shunaqa ham landovurlik bo‘ladimi? Qani inqilobiy shijoat?

«O’rtoq Kurskiy, - deb yozadi Lenin o‘zining Adliya xalq komissariga, - menimcha, otuvni qo‘llashni kengaytirish kerak, mensheviklar, eserlarning hamma faoliyatlariga nisbatan otuvni qo‘llash lozim; bu faoliyatni xalqaro burjuaziya bilan va uning bizga qarshi kurashi bilan bog‘laydigan (matbuot va agentliklarni sotib olish, urushga tayyorgarlik olib borish va h.k.) iboralarni topish zarur. O’zingizning mulohazalaringizni qo‘shib, zudlik bilan menga qaytarishingizni so‘rayman. Lenin. 1922 yil 15 may». Yo‘q! Kurskiy tushunmaydi! Gap faqat mensheviklar bilan eserlar haqidagina ketyapti deb o‘ylashi mumkin. Unga batafsilroq tushuntirib bermoq lozim.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:53:40
Oradan bir kun o‘tgach, 1922 yil 17 may kuni Lenin Kurskiyga yangi maktub yo‘llaydi: «O’rtoq Kurskiy! Jinoiy kodeksning qo‘shimcha paragrafi qoralamasini sizga jo‘natyapman. Bu qoralamani, albatta, tuzatish va qayta ishlash lozim. Qoralamaning hamma nuqsonlariga qaramay asosiy fikr ravshan bo‘lsa kerak: terrorning mohiyati va zarurligini, uning chegaralarini aniqlab beruvchi printsipial va siyosiy haqqoniy (nafaqat tor huquqiy) qoidalarni oshkora aytish zarur.

Sud terrorni yo‘qqa chiqarishi kerak emas, buni va’da qilish o‘z-o‘zini ham, boshqalarni ham aldash bo‘lardi. Aksincha, sud murosasiz tarzda sira ikkilanmay terrorni qonunlashtirmog‘i zarur. Bu o‘rinda soxtalik va ko‘zbo‘yamachilikka o‘rin yo‘q. Iboralarning ma’nosi imkoni boricha kengroq bo‘lishi kerak. Sababki, faqat inqilobiy huquq va inqilobiy vijdongina otuvni amalda ozmi-ko‘pmi kengroq qo‘llash sharoitlarini beradi. Kommunistik salom bilan Lenin».

Ma’lumotiga ko‘ra, o‘zi huquqshunos bo‘lgan Lenin RSFSR Jinoyat kodeksining o‘z qo‘li bilan yozgan uchta variantini yo‘llaydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:54:34
«1-variant.

Kapitalizm o‘rniga keladigan kommunistik mulkchilik tizimini e’tirof etmaydigan va bu tizimni istilo yo‘li bilanmi, qamal bilanmi, josuslik bilanmi yoki matbuotga mablag‘ ajratish bilanmi va boshqa vositalar yordamida zo‘rlik bilan ag‘darib tashlashga intiluvchi xalqaro burjuaziya kuchlariga ko‘mak berishga yo‘naltirilgan targ‘ibot yo tashviqot, yoki tashkilotlarga uyushish, yoki tashkilotlarga yordam berish oliy jazo bilan jazolanadi, aybni yumshatuvchi holatlar mavjud bo‘lsa, oliy jazo ozodlikdan mahrum qilish yoki xorijga badarg‘a qilish bilan almashtirilishi mumkin.

2-variant.

a) xalqaro burjuaziyaning muayyan qismi bilan hamkorlik qilishga yo‘naltirilgan targ‘ibot va tashviqot va h. k. oxirigacha; b) tashkilotlarda ishtirok etishda yoki tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda yoki yuqorida zikr etilgan yo‘nalishga ega bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi kishilarga yordam berishda aybdorlar ham ana shu jazoga mustahiq qilinadilar».

Har doimdagidek Leninning yugurik qalami dohiyning fikridan o‘zib, zabt etilgan mamlakat aholisidan ko‘proq odamning bo‘yniga otuv sirtmog‘ini tashlashga urinadi. Bu odamlar laqmalik qilib, bolsheviklarning yangi iqtisodiy siyosatini jiddiy va uzoqqa ketadigan hodisa deb qabul qilishgandi, holbuki bu bosqinchi hukmdorlar tomonidan qo‘yilgan navbatdagi tuzoq edi, xolos. Kurskiy uning gaplarini tushunib yetishiga ishonqiramagan Lenin qo‘shimcha qiladi:

«2b-variant.

Yordam beruvchi yoki yordam berishga qurbi yetadiganlar». So‘ng bu iborani quyuq yozib, ostiga chizib ta’kidlaydi. Ana endi hammasi raso bo‘ldi, shekilli. Bo‘lg‘usi davlatning hamma aholisiga nisbatan davlatning xohishi bilan otuv moddasini qo‘llayverish mumkin.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:55:04
Ertasi kuni, ya’ni 1922 yilning 18 mayida RKP (b) Markazqo‘mi Siyosiy byurosining maxsus majlisida GPU xodimlarining maoshini uch baravar oshirish to‘g‘risida va oziq-ovqat taqsimoti maxsus yopiq tarmog‘ining maxsus ulushlari bilan ta’minlashga ko‘chirish haqida qaror qabul qilinadi... Ayni chog’da, Jinoyat kodeksining otish jazosini keng qo‘llashga bog‘liq yangi moddalarini tushuntirib beruvchi maxfiy qo‘llanma Leninning vizasi bilan GPUga yuboriladi:

«Hozirgi vaqtda Yangi iqtisodiy siyosat amalga oshirilayotgani sababli va oliy manfaatlarga mos hukumat mulohazalariga asoslanib, OGPU faoliyatini ma’lum darajada sustlashtirishga majbur. Ammo har bir GPU xodimi shuni yaxshi bilmog‘i kerakki, bunday vaziyat faqat vaqtinchagina davom etmog‘i mumkin, shuning uchun OGPU hozirgi paytda dushmanlarimizni aniqlab, ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yish uchun imkoni boricha harakat qilmoqlari kerak. Keyin, vaqt-soati kelganda, ularga qaqshatqich zarba beriladi».

Bu paytga kelganda OGPU tomonidan dushmanlarga beriladigan qaqshatqich zarbaning ma’nosi nima ekanini hamma tushunadigan bo‘lib qolgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:56:09
1922 yil 17 dekabrda «dongdor» chekist Peters «Izvestiya» gazetasida maqola bostirib, unda yuksak hushyorlikka chaqiradi: «NEP sharoitida ham bizni har tarafdan ashaddiy dushmanlar qurshab turganini unutmasligimiz kerak». Xo‘sh, bu «ashaddiy dushmanlar» kimlar? Kimlarni aniqlab, ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yish kerak? Kimlarni, avval, ipidan-ignasigacha shilib olib, keyin vaqt-soati yetganda yoppasiga otib tashlash talab qilinadi? 1923 yil fevralida jo‘natilgan maxfiy ko‘rsatmada yaqin o‘rtalarda yoppasiga jismonan mahv etilishga mahkum odamlar batafsil sanalgan.

«Siyosiy partiyalar va tashkilotlar.
1. Inqilobdan avvalgi siyosiy partiyaning hamma sobiq a’zolari.
2. Monarxistik ittifoqlar va tashkilotlarning hamma sobiq a’zolari.
3. Mustaqil Yer Egalari Ittifoqining hamma sobiq a’zolari, shuningdek, Ukrainada Markaziy Rada vaqtidagi Mustaqil G’allakorlar Ittifoqining a’zolari.
4. Sobiq aslzodalar va dvoryanlarning hamma vakillari.
5. Yoshlar tashkilotlarining hamma sobiq vakillari (boy-skautlar va boshqalar).
6. Istalgan yo‘nalishdagi hamma millatchilar. Chor muassasalarining xodimlari.
1) Sobiq Ichki Ishlar vazirligining hamma xodimlari, oxranka, politsiya va jandarmeriyaning hamma xodimlari, oxranka va politsiyaning hamma xufiyalari, chegara soqchilarining hamma mansabdorlari.
2) Sobiq Adliya vazirligining hamma xodimlari, viloyat sudlarining hamma a’zolari, har xil darajadagi sudyalar, prokurorlar, mirovoy sudyalar, sud tergovchilari,sud ijrochilari, qishloq sudlarining boshliqlari va hokazo.
3) Chor armiyasi va flotining beistisno hamma ofitserlari va unter ofitserlari.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:56:40
Sovet tuzumining yashirin dushmanlari.

1. Oq armiyalarning, oqgvardiyachi nomuntazam tuzilmalarning, petlyurachilar qo‘shilmalarining, Sovet hokimiyatiga qarshi faol kurash olib borgan turli-tuman g‘alayonchi bo‘linmalar va bandalarning hamma ofitserlari, unter-ofitserlari va oddiy askarlari. Sovet hokimiyati tomonidan afv etilgan shaxslar bundan mustasno emas.
2. Oq gvardiyachi hukumatlarning, Markaziy Radaning, Getman ma’muriyatining markaziy hamda mahalliy organlari va idoralarining hamma harbiy bo‘lmagan xodimlari,
3. Hamma diniy arboblar: yepiskoplar, pravoslav va katolik cherkovining ruhoniylari, ravvinlar, so‘filar, rohiblar, xormeysterlar, cherxov oqsoqollari va boshqalar.
4. Hamma sobiq savdogarlar, magazin va do‘konlarning egalari, shuningdek, «NEPman»lar.
5. Hamma sobiq yer egalari, yirik ijaradorlar, o‘tmishda yollanma kuchdan foydalangan badavlat dehqonlar. Hamma sanoat korxonalari va ustaxonalarning sobiq egalari.
6. Yaqin qarindoshlari yashirin holatda bo‘lgan yoki aksilinqilobiy to‘dalar saflarida sovet tuzumiga qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan hamma shaxslar.
7. Millatidan qat’i nazar, hamma ajnabiylar.
8. Chet ellarda qarindoshlari va tanishlari bo‘lgan hamma shaxslar.
9. Diniy mazhablar va jamoalarning hamma a’zolari (ayniqsa, baptistlar).
10. Eski maktablarga mansub hamma olimlar va mutaxassislar (ayniqsa, ularning siyosiy tamoyillari hozirga qadar uzil-kesil aniqlanmagan bo‘lsa).
11. Avvallari kontrabanda, josuslik va shunga o‘xshashlarda gumon qilingan yoki sudlangan hamma shaxslar».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:56:59
Stalinni «Bosh kotib» qilib saylamaslik haqida tavsiya berilgan arzimas maktubni emas, ayni ana shu hujjatlarni Leninning haqiqiy siyosiy vasiyati deb hisoblash kerak. Modomiki, mamlakatdan ketmaslikka va Sovet sotsialistik davlatlar Ittifoqi qurishga ahd qilinibdimi, bu Ittifoqni barpo etishga imkon beradigan birdan-bir usul ana shunday bo‘ladi! Ming yillik Rossiya imperiyasi ham munkillab qolgan hamma imperiyalarga o‘xshab yengiltak jangarilik dardiga chalingan edi. Shuning uchun u o‘z ixtiyori bilan zimmasiga olgan vazifalarni bajarishga yaramadi, avvaddan nazarda tutilmagan og‘ir yuklarni ko‘tarolmadi va oxir-pirovardi quladi-yu, vayron bo‘ldi. Uni qaytadan tiriltirishning iloji yo‘q, ammo uzil-kesil zarba berib, uni boshqariladigan murdaga aylantirsa bo‘ladi. Bu murda muttasil terrorning po‘lat halqalari bilan kishanband qilinadi. Mahv etilishidan bir amallab omon qolgan odamlar tug‘ilgan kunidan boshlab o‘lguniga qadar uzluksiz takrorlab turadigan soxta marksistik ayyuhannoslar bu halqaga kuch bag‘ishlaydi. Boshqariladigan murdaning kuchidan istagan maqsadda foydalansa bo‘ladi — uning yordamida daryolarni orqaga burib yuborish ham, butun dunyoni zabt etish ham, butun mamlakatni elektrlashtirish ham mumkin. Bu ishlarni qilish uchun pul ham talab qilinmaydi, chunki hammaning qornini to‘yg‘azsangiz bas, ishlayveradi. Qorinni to‘yg‘azish uchun beriladigan ulushni esa qilinadigan ishning, bajariladigan topshiriqning hajmi va sifatiga qarab ko‘paytirib yoki kamaytirib turish mumkin. Bu behisob mehnat armiyalari va «proletar batalonlari» tuzishga imkon beradi. Butun Ovruponi va butun dunyoni ana shu mehnat armiyalari bilan to‘ldirib tashlash mumkin. Ularning yordamida jahon miqyosida sotsializmning g‘alabasiga erishish mumkin. Bularning bari juda jo‘n va tushunarli. Ammo bunga o‘xshagan ishlarni amalga oshirish uchun juda katta miqdorda «boshqaruvchilar» armiyasi zarur. Hayot esa allaqachon shuni isbot qildiki, bu «armiya» rohatu farog‘at tufayli juda tez rasvo bo‘lar ekan, biror ish bilan shug‘ullanishni butunlay yig‘ishtirib qo‘yar ekan, hamma narsani o‘z holiga tashlab, hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan, borgan sari shitob bilan poraxo‘rlikning shirin botqog‘iga chuqurroq botib borar ekan. Binobarin, «boshqaruvchilar»ning yangi armiyasini tuzish kerak bo‘ladi. Bu «okkupatsion ma’muriyatning» o‘ziga xos Bosh qarorgohi bo‘ladi, u o‘ta maxfiylik pardasiga o‘rab olinadi va shaxsiy imtiyozlar devori bilan ihotalanadi, ammo dohiy oldida o‘zining xatti-harakati, gap-so‘zlari va hatto fikrlari uchun boshi bilan javob beradi. Ammo bularning bari uchun pul kerak. Pul bo‘lganda ham chakana pul emas. Qani o‘sha pullar?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:57:36
1922 yildayoq Stalin bir vaqtlar Rossiyaning milliy boyligini tashkil qilgan behisob pullar qanday qilib mamlakatdan G’arbga o‘tib ketganini tekshirib ko‘rishga urindi. Ammo sobiq ChK apparati hali uning qo‘lida emas edi. Tergov maxfiy ravishda va o‘ta ehtiyotkorlik bilan o‘tkaziladi, biroq amalda hech qanday natija bermaydi. Oltin iplarning zo‘r-bazo‘r topilgan uchlari xalqaro banklarning yerto‘lalarida aql bovar qilmaydigan tarzda ayqash-uyqash bo‘lib ketibdi. Agar bir vaqtlar rus oltinlarini qanday qilib so‘rib olganlarini topgan taqdirda ham, bu oltinlar qay yo‘l bilan xalqaro bozorga chiqarilganini endi aniqlab bo‘lmaydi. Banklar ming-minglab xartumlari bilan butun jahonni qoplab olgan. Bu xartumlar qanday ish yuritishini bilib olishga qurbi yetadigan odamlarning o‘zi yo‘q. Moskvada butun dunyoda proletar inqilobi qilamiz deb bong urib yurishgan vaqtda butun dunyoda imi-jimida, birov payqamaydigan tarzda moliyaviy inqilob bo‘lib o‘tibdi. Qaysi bir mamlakat yoki bir guruh mamlakatlar shu inqilob beradigan siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlardan uddaburonlik bilan foydalana bilsa, shular dunyo miqyosida hukmronlik qila oladi. 1917 yilning oktyabrida Rossiyada hokimiyatni bosib olganlar buni bilisharmidi? Stalin ularning orasida edi, lekin pixini yorgan jinoyatchining o‘tkir sezgisi bilan allanechuk nojo‘ya ishlar bo‘layotganini sezgan bo‘lsa-da, bu gaplardan bexabar edi. U eng ibtidoiy tarzdagi iqtisodiy va siyosiy ma’lumotga ega emasdi, shuning uchun yuz berayotgan voqealarni loaqal yuzaki tarzda bo‘lsa ham tahlil qilish imkoniga ega emas edi. Buning uchun vaqti ham yo‘q edi. Xo‘sh, qolganlar-chi? Bilishganmi, yo‘qmi? Leninning o‘zi nimani bilgan? Boshqalardan ortiqroq bilmagan bo‘lsa kerak? Uning majruh xayolparastligidan xabardor odamlar o‘zini rosa laqillatib ketishgan. Lenin ham, uning tevarak-atrofidagi yaqin a’yonlari ham hech qachon Stalinga sirlarini bildirishgan emas. Unga mensimay qarashgan, istehzo bilan jilmayib qo‘ya qolishgan. Ammo Stalin ham anoyi emas. U GPUning oliy tabaqalari o‘rtasidagi keskin ziddiyatlardan ustalik bilan foydalanib, Goxrandagi boyliklarning bir qismini boshqa joyga olib borib yashirtirib qo‘ydi. Buning uchun ozmuncha kuch sarfladimi u? Biroq GPU shunaqa tashkilotki, unga ishonib bo‘lmaydi. Yashirib qo‘yilgan narsani GPU topib bera olarmikin? Bu ham ma’lum emas.

Lenin o‘lib, mustaqil ish qilishga imkon yaraldi. Lenin o‘zi bilan qabriga olib ketgan siru asrorlar, mayli, uning vijdoniga havola. Ammo yaqin a’yonlarining ta’zirini berib qo‘yish kerak. Kreml g‘iybatning uyasi bo‘lib qolgan. Bu yerda yarim kun keyin nima bo‘lishini ham bilolmaysan. Eski bolsheviklar gvardiyasidagi raqiblar, Trotskiy aytganidek, «chala mulla seminarist»ni yanchib talqon qilib tashlaydigan ko‘rinar edi. Nazariy jihatdan qaraganda xuddi shundoq bo‘lishi kerak edi, ammo amalda ko‘rindiki, ularning hammasi allaqachon jangovarlik xislatlarini yo‘qotib bo‘lishgan ekan. Ular faqat kurash malakalarini emas, balki ishlashni ham unutib qo‘yishibdi. Ularning Rossiyada qolishga toqatlari yo‘q. "œOvrupoga jo‘nashdan" esa xavotir olishadi. Yo‘q, Ovrupo ham butunlay boshqacha bo‘lib ketgan, endi Birinchi jahon urushidan avvalgi Ovrupo qolgani yo‘q. Rossiyadagi yetti yillik boshboshdoqlik mobaynida ularda yangi odatlar, yangi malakalar hosil bo‘ldi. Bu xislatlari bilan Ovrupoda ancha qiynalib qolishadi. Faqat Trotskiygina ahdida qat’iy turibdi. U ketishga qaror qilgan. Oldin kimni mahv etish kerag-u, keyin kimni majaqlash zarur, deganga o‘xshash behuda munozaralar joniga tegib ketgan. Mehnat armiyasining jangchilariga biron haq to‘lash kerakmi yo qornini to‘yg‘azsa kifoyami? Leninning rejasiga ko‘ra hali ancha vaqt mobaynida yeng shimarib qonli ishlar bilan shug‘ullanish kerak edi. Undan ko‘ra, bankdagi million-million pullaringni xarjlab, G’arbda ko‘ngilxushlik bilan umr kechirganing yaxshi emasmi?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:58:11
Stalin Trotskiyni o‘zining eng xavfli raqibi deb bilardi, shuning uchun uning bunaqa kayfiyatidan faqat xursand edi. Partiyaning bosh yo‘lidan og‘ib ketgani uchun uni chet elga badarg‘a qiladigan bo‘lishdi va bir zumda butun arxivi bilan uni xorijga ravona qilishdi. Mayli, u yerlarda o‘zi o‘ylab topgan uzluksiz inqilob nazariyasi ustida bemalol ishlayversin. Lekin uni sira ko‘zdan qochirmaslik kerak. Undan boxabar bo‘lib turilsa, o‘g‘irlangan boyliklarning izi chiqib qolsa ham ajab emas. Izi chiqmasligiga ishonch hosil qilgach, bir hamla bilan majaqlab qo‘ya qolishdi.

Trotskiyni badarg‘a qiladigan vaqtda OGPUning boshlig‘i Genrix Yagoda Ulug‘ Oktyabr sotsialistik inqilobi deb atalgan tarixdagi beqiyos talonda o‘lja o‘marganlarning hammasining shaxsiy hisoblar raqamlari va ularda qancha pul borligini Iosif Vissarionovichga ma’lum qilgan edi. Yagoda faqat o‘z hisobi raqaminigina aytgani yo‘q. U go‘llik bilan o‘rtoq Stalinga mendan boshqa axborot berib turadigan odam yo‘q deb o‘ylagan edi. Keyinchalik Yagoda hisob raqamini aytadi, ammo fursat o‘tib bo‘lgan edi. Stalin ularning hammasidan oxirgi tiyinigacha sug‘urib oladi. Ularning hammasi laxtak-laxtak qon qusib, sindirilgan tishlarini tuflay-tuflay, peshonalaridan o‘q yeyishlaridan avval pullarini g‘arb banklaridan Moskvaga ko‘chirishadi. Zinovev, Kamenev, Buxarin, Menjinskiy, Ganetskiy, Unshlixt, Bokiy — sanab ado qilolmaysan, biroq Stalin ularning birontasini esidan chiqargani yo‘q. Hatto Leninni ham. Shaxsan o‘zi Nadejda Konstantinovnaga agar u jahon proletariati dohiysining Shveytsariya bankidagi pullarini qaytarib bermasa, boshiga nima kunlar tushishini uqtirdi. Ertagayoq Krupskaya Leninning xotini bo‘lganini va hozir bevasi ekanini hamma paqqos unutib yuboradi-da, Zemlyachkani, ha, o‘sha Bela Kun bilan birga Sevastopoldan oltinlarni olib chiqib ketgan Zemlyachkani Leninning bevasi deb hisoblay boshlaydi. Nadejda Konstantinovna laqqa tushdi, pulning hammasini qaytardi. Ammo Zemlyachka durust chiqib qoldi. Hammasini o‘zi ixtiyoriy topshirdi. Bela Kun ham aytib berdi.

Ammo-lekin bu Bela Kun degani yomon xasis ekan-da - sira-sira pulni qaytargisi kelmaydi-ya! Uch kecha-yu uch kunduz kaltaklab, oxirgi tiyinigacha qoqishtirib olishdi, keyin otib tashlashdi. Hech kim mushugimizni «pisht» demaydi degan xomxayolda yurgan jamiki «baynalmilalchilar»ning ta’zirini berib qo‘yishdi. Ular bilan pachakilashib o‘tirishmadi. Jahon inqilobiga atalgan pullarni o‘zi uchun sarflab, xorijda kayf-safo qilib yurmoqchi bo‘lganlarni ham sog‘ qo‘yishmadi. Faqat bir nechta amerikalikkina qochib qutulishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin keyinchalik ularning nomini hech kim eshitgani ham yo‘q.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:58:34
Pullar Moskvaga oqib kela boshladi, biroq ular faqat shaxsiy hisoblardagi pul edi. Bu esa dengizdan tomchi edi, xolos. Juda oz edi. Stalinning yangi imperiya qurish to‘g‘risidagi ulug‘ rejalari uchun juda ko‘p pul kerak edi. OGPU va uning vorisi bo‘lmish NKVD xodimlari butun jahon bo‘ylab izg‘ib, Lenin «Partiyaning oltini» deb atagan behisob xazinani izladi. Qamoqqa olingan bankirlarni qiynoqqa solib, «Partiyaning oltini»ni Gestapo ham izladi. Qiynashga qiynashdi-yu, lekin oltinni topisha olmadi. Qayoqqa g‘oyib bo‘lgan u? Nimaga sarf bo‘lgan? Aniq aytish qiyin, ammo bir qator tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, ayni ana shu «Partiyaning oltini» Qo‘shma Shtatlarni 20-yillardagi chuqur iqtisodiy tanazzuldan olib chiqqan va keyingi yillarda prezident Ruzveltning «Yangi yo‘l»ining iqtisodiy gullab-yashnashiga imkon bergan. Hali hech kim tomonidan jahonning moliya tarixi bitilgan emas, sababki, moliyaviy sirlar davlat sirlari va harbiy sirlardan farq qilaroq, tarixiy rivojlanish davomida oshkor bo‘lmaydi, aksincha, yanada battarroq maxfiylashib boradi.

O’rtoq Stalin o‘z davlatini mahv etilgan Rossiya xarobalari ustida qanday usullar bilan barpo etgani hammaga ma’lum. «Butun jahon xalqtari dohiysi»ning qo‘lidan kelmaydigan bironta jinoyat yo‘qday edi. Million-million odamlar otib tashlandi va qamoqlarda chiritildi. Leninning hamma vasiyatlari bittama-bitta og‘ishmay amalga oshirildi. Iosif Vissarionovich Leninning sadoqatli shogirdi bo‘lgan edi. U o‘z ustozining vasiyatlariga og‘ishmay amal qildi, bironta jihatidan undan chekingani, o‘zicha yangi yo‘llar o‘ylab topgani yo‘q. Bunga ishonch hosil qilish uchun yana bir marta mahkumlar ro‘yxatiga ko‘z tashlash kifoya.

U sotsializm nazariyasi bo‘yicha zo‘r emas edi va buni o‘zi ham anglardi. Shuning uchun ham 40-yillarning boshiga kelganda ko‘rsatilgan ro‘yxatda qayd qilingan aholi toifasidan kimdir hali omon qolgan bo‘lsa, u faqat tikanli sim ortidagina jon saqlagan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 09:59:40
Stalinning qonli ishlari haqida juda ko‘p gapirish mumkin, ammo unga tan beradigan joylari ham bor. Lenin faqat buzishni bilar edi. Holbuki, hayot jahon proletariatining dohiysi yaratuvchilik ishidan butunlay bexabar ekanini ko‘rsatdi. Bunaqa ish unga malol kelar edi. U shu ko‘yi - hech narsa barpo etmay olamdan o‘tdi. Undan farq qilaroq o‘rtoq Stalin butun kuchini yaratishga yo‘naltirdi. U davlatni vayron qilgani yo‘q, balki barpo etdi. Binobarin, u mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishidan emas, mamlakatga kirib kelishidan manfaatdor edi. Dastavval, u bolsheviklarning kommunistik partiyasini yoki VKP (b) ni yaratdi, chunki Lenin yaratgan partiya Stalinga mutlaqo ma’qul emas edi. Ustiga charm paltolar kiyib olgan paxmoq soqolli baqiroqlar hamisha rahbariyatga gap qaytarib, u bilan jiqillashgani-jiqillashgan. Bu to‘da son-sanoqsiz iplar orqali chet ellardagi turli-tuman qalang‘i-qasang‘i tashkilotlarga bog‘langan. Ular jahon inqilobi markazini Moskvaday madaniyatsiz va nopok joydan Berlingami yoxud Parijgami ko‘chirishni muttasil orzu qilishadi. O’zlari ham har narsani bahona qilib, o‘sha yoqlarga yiliga ikki-uch marta borib kelishadi. Bunaqalardan tashkil topgan partiya faqat mahv etishga va talonchilikka yaraydi, lekin bironta jiddiy narsani barpo etolmaydi, hatto, mahbuslar lagerini ham qurolmaydi. Shuning uchun bunaqa partiya sahnadan chiqib ketishi, ketganda ham tez chiqib ketishi kerak. U o‘z nomidan bir bo‘lagini yangi partiya uchun qoldirib ketsa, kifoya. O’rtoq Stalin yangi partiyani qilichbardorlar mazhabiga o‘xshatib yaratmoqchi, ammo bu partiyadagi intizom mazhabnikidan o‘n chandon qattiqroq bo‘ladi.

Bir partiyaning shitob bilan g‘oyib bo‘lishi va uning o‘rniga boshqa partiyani barpo etish yagona bir yo‘l bilangina amalga oshirilishi mumkin edi va shunday amalga oshirildi ham: leninchilar «gvardiyasi» yashin tezligida yo‘qlik dunyosiga rixlat qilishi kerak edi. Bu gvardiya «ketar jafosi»ga Moskvadagi ochiq sud majlislarida o‘zi haqidagi hamma haqiqatni aytib, o‘zidagi yuksak aqidaparastlikni va jangovarlik sifatlarini butun dunyoga namoyish etib ketishi lozim edi. Ketganlarning o‘rnini yangi odamlar egalladi. Ularni Stalin o‘ta sinchkovlik bilan maxsus tanlab olgan edi. Stalin o‘z mazhabining oliy tabaqasini tanlash ishini Lenin hayotligida, Markazqo‘m kotibiyatiga rahbar bo‘lib olganidayoq boshlagan edi. 1924 yilda Stalinning ro‘yxatida 3500 ta mansabga Markazqo‘m orqaligina odam qo‘yilardi, 1500 ga yaqin mansabga esa Markazqo‘mning Hisob-taqsimot bo‘limining roziligi bilan odam qo‘yilardi. 1925 yilda esa bunaqa mansablarning soni 25 mingga yetdi. Bular endi boshqa ishlardan ozod qilingan, maosh olib ishlaydigan partiya apparati edi. Endi har qirq kommunistga bittadan boshqa ishlardan ozod qilingan partorg to‘g‘ri kelardi. 1924 yilning o‘zida Hisob-taqsimot bo‘limi Markazqo‘mning Tashkiliy-instruktorlik bo‘limiga qo‘shilib ketdi, yangi Tashkiliy hisobot-taqsimot bo‘limi paydo bo‘ldi, u Markazqo‘m apparatidagi eng asosiy bo‘limga aylandi. Stalin bu bo‘limga Kaganovichni rahbar qilib qo‘ydi. Bu yangi bo‘lim nafaqat partiya mansablariga, balki davlat mansablariga ham odam tanlay boshladi. 1925 yilning oxiridan 1928 yil boshigacha 8761 odam ishga tayinlandi. 1930 yilda Tashkiliy hisobot-taqsimot bo‘limi yana ikkiga ajradi — ularning biri Tashkiliy instruktorlik bo‘limi bo‘lib, partiya apparatidagi lavozimlarga odam tayinlash bilan shug‘ullanardi. Ikkinchi bo‘lim esa bir qator qismlarga ega bo‘lib (og‘ir sanoat, yengil sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, sovet muassasalari, xorijdagi kadrlar va h. k.), barpo etilayotgan imperiya idorasiga kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanar edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:00:07
Lenin Gustav Lebonning «Avom ruhiyati» degan kitobini qo‘ldan qo‘ymay o‘qir edi. Jahon proletariatining dohiysi bu kitobning hoshiyalarini xilma-xil belgilaru xitoblarga to‘ldirib tashlagandi. Stalin esa avomga uncha qiziqmasdi. U Nikolo Makkiavellining «Davlatpanoh» degan mumtoz tadqiqoti bilan admiral Mexenning «Dengizda hukmronlik qilish» degan kitobini ko‘p o‘qirdi. Xuddi ana shu kitoblarga ishqibozlik kayzer Vilgelmni ham, imperator Nikolayni ham halok etdi, ammo ularda harbiy aqidalar bilan fikrlash qobiliyatini o‘stirdi. Aftidan, Stalin ham shunga erishish niyatida bo‘lgan. U birinchi bo‘lib «partiyaning qo‘mondonlar tarkibi» degan atamani qo‘lladi. «Bizning partiyamiz tarkibida, - deb ko‘rsatgan edi barcha xalqlar dohiysi, — agar rahbar xodimlar nazarda tutilsa, 3-4 ming atrofida oliy tabaqa rahbarlar bor. Men ularni partiyamizning generallari deb atagan bo‘lur edim. Undan keyin 30-40 ming o‘rta darajadagi rahbarlar mavjud. Ular partiya-mizning ofitserlari. Undan keyin 100-150 ming atrofida partiyamizning quyi tabaqa qo‘mondonlar tarkibi bor. Ularni partiya unter-ofitserlari deb atash mumkin».

Bo‘lg‘usi generalissimusning harbiycha tafakkuri yangi nomenklatura yaratish jarayoniga boshdan-oyoq singib ketgan. Bu nomenklatura temir intizomga ega bo‘lib, o‘z dohiysining bir qosh chimirishi bilan yoxud mo‘ylovining bir qimirlashi bilanoq har qanday ishni bajo keltirishga tayyor edi. Leninchi «gvardiya»dan yangi «zodagonlar»ga biron narsa o‘tgan bo‘lsa, faqat xalqqa nafrat bilan mensimay qarash va uning manfaatlarini sariq chaqaga olmaslik mayli o‘tgan edi. Shu bilan birga ularda ba’zi bir yangi sifatlar paydo bo‘lgan ediki, ularni nima bo‘lganda ham, ijobiy holatlar deb e’tirof etishga to‘g‘ri keladi. Lenin «gvardiyasi»ni birinchi navbatda shaxsiy boyish masalalari qiziqtirgan. U mamlakatni talash bilan shug‘ullangan. Bu jarayonda ashaddiy o‘zboshimchaliklarni namoyon etishgan, na qonun oldida (bunaqa qonunning o‘zi bo‘lgan emas), na dohiy oldida (dohiy bunaqa o‘zboshimchaliklarni rag‘batlantirgan, xolos) hech qanday mas’uliyatga ega bo‘lishgan emas. Ammo Stalinning rahbar xodamlari esa, mutlaqo boshqacha qoliplarga solib qo‘yilgandi. Puxta o‘ylangan imtiyozlar tizimi yordamida ularning yashash tarzi ancha yuqori darajaga ko‘tarildi. Lenincha talovlar oqibatida yoppasiga qashshoq proletariatga aylanib qolgan xalq bunaqa yashash mumkinligini yetti uxlab tushida ham ko‘rmagandi. Stalinning rahbar xodimlari esa, bu xalq ustidan cheklanmagan hokimiyatni qo‘lga kiritgandilar. Ammo ayni choqda ular o‘zlarining ojizliklarini ham juda yaxshi bilishardi. Chunki ovloq joydagi raykom kotibidan tortib Siyosiy byuro a’zosigacha, Davlat xavfsizligining general-komissari yoxud marshalgacha — ularning hammasi istalgan daqiqada to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zining ish joyida otib o‘ldirilishi, NKVD yerto‘lalarida chalajon qilib tashlanishi yoxud son-sanoqsiz GULAG orollarining birortasida chiritib yuborilishi mumkin edi. Bunaqa narsalar «bugun borsan, ertaga - yo‘q» degan juda jo‘n bir tarzda talqin qilinardi.

Bu esa amal kursisida o‘tirganlarning ishtahasini ancha jilovlab turar, poraxo‘rlik va ochko‘zlikning ham keng quloch yoyishiga qo‘ymas, ularning g‘ayratini davlat va xalq ehtiyojlariga yo‘naltirardi. «Davlat va xalq» tushunchalari ostida esa yana o‘sha nomenklatura tushunilardi. Nomenklaturaning o‘zi ham o‘zini davlat va xalq deb anglar edi. Iosif Vissarionovich ko‘zlagan maqsad ham aslida shu edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:00:45
Nomenklaturaning toblanishi kollektivlashtirish tufayli vujudga kelgan dahshatli ochlik davridayoq boshlangan edi. Rayon partiya qo‘mitalari qoshida xos oshxonalar bo‘lar, ularning tevaragiga esa ochlikdan sillasi qurigan dehqonlar, ochlik azobiga chidayolmay dod-voy soluvchi shishib ketgan bolalar to‘planardi. Tabiiyki, raykomning eshiklarini tunu kun militsionerlar va GPUning askarlari qo‘riqlab turishardi, ammo oshxonalarning ochiq derazalaridan shunaqa hidlar anqirdiki, ochlikdan jon taslim qilayotgan odamlar bu hiddan butunlay aqlu hushini yo‘qotib qo‘yishardi. Bu oshxonalarda juda arzon baholarda — shunchaki nomigagina qo‘yilgan narxlarda oq non, go‘sht, tovuq, antiqa mevalar va boshqa tansiq narsalar sotilardi. 1917 yildan beri xalq bunday taomlarning o‘zinigina emas, hatto nomini ham unutib yuborgan edi. Hatto bu oshxonalarning xizmatchi xodimlariga ham turli-tuman mahsulotlardan yigirma xilini o‘z ichiga olgan ulush berilardi. Buni «Mikoyan ulushi» deb atashardi.

Ana shu maxsus farovonlik vohalari tevaragida esa ochlik va o‘lim javlon urardi. Avvaliga partiya idorasining anchagina xodimlari bu ahvolga chidash berolmadilar va xos oshxonalarning derazalari oldida to‘plangan och odamlarni, birinchi navbatda, albatta, bolalarni raykom oshxonalari hisobidan ovqatlantira boshlashdi. Bunaqa ko‘ngli bo‘shlar darhol mansablaridan olib tashlanar va allaqayoqqa gum qilinardi. Bunaqalar nomenklatura safidan butunlay quvilardi. Markaziy Qo‘mita rayon qo‘mitalariga mutlaqo maxfiy qo‘llanma yuborgandi. Unda shunday deyilardi: «Eng dahshatlisi shundaki, siz qo‘qqisdan ko‘nglingiz bo‘shlik qilib, qat’iyatingizni yo‘qotib qo‘ymang. Hatto tevarak-atrofingizdagilar ochlikdan o‘layotgan taqdirda ham siz tanovul qilishni o‘rganib olmog‘ingiz kerak. Aks holda, hosilni mamlakatga qaytaradigan odam qolmaydi. Ehtiroslarga berilmang va faqat o‘zingizni o‘ylang!» Ammo bunday qo‘llanmalarni ham to‘g‘ri tushunish kerak edi. Uni to‘g‘ri tushunishga hammaning qurbi yetavermasdi. Rayonlarda va viloyat markazlarida ochlik avjiga chiqqan kezlarda mahalliy partiya kotiblari va boshqa nomenklatura arboblari shohona ziyofatlar uyushtira boshladilar. Ularda ichkilik daryo bo‘lib oqar va bir o‘tirishda kim ichiga bedana solib pishirilgan qo‘zichoqni paqqos tushira oladi degan mazmunda musobaqalar bo‘lardi. Bunaqalarni imi-jimida qamoqqa olishardi-da, boshqalarga o‘rnak bo‘lsin uchun otib tashlashardi. Kimki o‘sha kezlarda otilmay qolgan bo‘lsa, 1937 va keyingi yillarda bu maishatlarni ularning burnidan buloq qilib chiqarishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:01:11
Mana shunday ruhda tarbiya ko‘rgan nomenklatura o‘zining hali yuzaga chiqmagan imkoniyatlari hadsiz ekanini his qilnb tursa-da, tishlarini qisganicha, Stalin belgilab qo‘ygan chegaralardan chiqmaslikka tirishar edi. Istisnolar deyarli bo‘lmas edi. Kalininning xotini qizig‘ida o‘zini tutib turolmay, Goxrandan bitta suvsar po‘stin olgandi. Bu po‘stin otib tashlangan podsho oyimniki edi. Uni qamadilar va u qamoqda o‘tirib, ko‘p yillar mobaynida qilgan ishi to‘g‘risida har tomonlama o‘ylab ko‘rish imkoniga erishdi. Molotovning xotini bo‘lsa, Goxrandan Yekaterina II nikoh kuni kiygan tojni olib, Amerika elchisining xotiniga sovg‘a qilib yubordi — ammo u ham bu «himmati» uchun turmaga tashlandi. Ularning erlari partiya-davlat a’yonlari o‘rtasida eng yuksak rutbaga ega bo‘lsalar-da, biroq xotinlariga zarracha yordam bera olmadilar. Holbuki, bu xotinlarning butun aybi ochko‘zligida emas, balki vaziyatni noto‘g‘ri tushunganida edi. Ular nimaniki o‘zlarining qonuniy o‘ljalari deb hisoblagan bo‘lsalar, Stalin bu narsalarni davlatniki deb bildi va nomenklaturaning har bir a’zosi o‘zining maqomiga munosib ravishda nimaga haqi borligini va unga xilof tarzda qanday ishlar qilsa, o‘limga mahkum bo‘lishini sekin-asta anglay bordi.

Hatto cheksiz qudratga ega bo‘lgan Lavrentiy Beriya ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskva ko‘chalarida qizlarga tuzoq qo‘yib yurar ekan, o‘ziga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan bexabar edi. Beriya kimniki ilintirgan bo‘lsa, hammasi xatga tushgan edi. Oxir-oqibatda shunday bo‘ldiki, maxfiy politsiyaning xo‘jayini qamoqqa olingach, uni ancha-muncha qizlarni zo‘rlashdagina ayblashdi. Uni shuning uchun otishdi. Garchi uni Stalinning vafotidan keyin otishgan bo‘lsalar-da, jinoiy ish generalissimus hayotligidayoq pishib qolgan edi.

Lenin bir gal ilhomi juda jo‘shib ketganda: «Rejalarimizning hammasi — to‘q! Eng muhimi — kadrni tanlashda!» - degan edi. Aftidan, jahon proletariatining dohiysi umrining so‘nggi yillarida sotsialistik davlatni qurish imkoniyatlari haqida o‘ylanib, tevaragini qurshagan odamlar bilan hech narsa qilib bo‘lmasligini ancha-muncha tushunib qolgan ko‘rinadi. Talashga esa boshqa odam qolmagan. «NEPman»larni aytmasa, boshqa biror pichoqqa ilinadigani yo‘q. Ammo NEPmanlarga hali yetarli darajada jir bitib ulgurmagan — ularning hozirgi turishi yeb to‘ymas Lenin «gvardiyachi»larini qanoatlantirmaydi. Faqat Stalingina Ilichning hamma dohiyona niyatlarini to‘g‘ri tushuna oldi, u o‘zining o‘ttiz yillik hukmronligi mobaynida juda zo‘r chapdastlik bilan Lenin merosidan boltasi uchun kunda sifatida foydalandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:01:41
Ammo tuzukroq o‘ylab ko‘rganda Lenindan unga nima qolgan o‘zi? Dunyodagi birinchi sotsialistik davlatni qurish usullari-yu, imperializm davrida urushlarning muqarrarligi haqidagi g‘ira-shira bashoratdan boshqa?! Undan ship-shiydam xazina, xarob bo‘lgan, mutlaqo harbiy layoqati tugab bitgan armiya, parchalanib ketgan, ko‘z o‘ngida chirib-irib borayotgan partiya, xonavayron bo‘lgan, talangan, tavbasiga tayantirilgan mamlakat, johil, nodon, qiyofasini yo‘qotgan va ehtimolki, eng muhimi — savodsiz aholi qolgan. O’sha paytdayoq bu aholi «sotsializm» degan so‘zni eshitgan, manglayga otiladigan o‘qni ko‘z oldiga keltirgan. Lenindan yana nima qolgan? Tag-tugi bilan barbod qilingan sanoat, butunlay rasvosi chiqqan moliya tizimi, falaj bo‘lgan transport, deyarli to‘la mahv etilgan ishchi kuchi va bir qismi yo‘q qilingan, bir qismi butun dunyoga tariqday tarqatib yuborilgan ziyolilar. Fabrikalarning o‘lik mo‘rilari, zang bosgan, muzlab qolgan parovozlar, yarim cho‘kkan tashlandiq kemalar, juldur kiyimli behisob daydilar, shaharlarda davlat qirg‘ini bilan yonma-yon avj olgan jinoyatchilar terrori. NEP tufayli bir oz savdoga jon kirdi, xizmat ko‘rsatish sohasi qimirlab qoldi. Ammo bunaqa vaziyatda xizmat ko‘rsatish sohasi kimga kerak?

Faqat ChK—GPUgina tuzumning asosiy tayanchi sifatida ozmi-ko‘pmi layoqatini saqlab qolgan edi. U davlat terrorining uzluksizligi haqidagi Ilich vasiyatini mamnuniyat bilan bajarishda davom etardi, chunki yangi dohiy ham ularni ishsiz qoldirmasligini tushunardi. Yangi dohiy ularni ish bilan yaxshi ta’minladi, lekin har bir xodimning umrini ham bor-yo‘g‘i o‘n yil atrofida belgiladi. Chunki Stalin qurishni o‘ylagan davlat qayoqqa borayotgani noma’lum shunaqa bir kemaga aylandiki, uning qozonlari doimiy ravishda o‘txonasiga tashlab turiladigan minglab, millionlab, o‘n millionlab odamlarning jasadidan quvvat olardi. O’t qalovchi chekistlar ham erta-yu kech tinmay, jonini jabborga berib ishlar, ishini tugatgandan keyin esa, uni ham kemaning o‘txonasiga qalab yuborishardi. Kemaning peshtoqiga ma’nosining zo‘rligi jihatidan tengi yo‘q shior osib qo‘yilgan edi: «Lenin ta’limoti o‘lmasdir, chunki u to‘g‘ridir!»

Pogonlari yalt-yult qilib, petlitsalari tovlanib, moylangan etiklarini yaltiratib, yangi jabduqlarini g‘ijirlatib bu dahshatli o‘txona yoniga qancha-qancha chekistlar tushgan ekan? Ular pastga tushar ekanlar, ortiq hech qachon yuqori palubaga chiqa olmasliklarini, o‘zlari ham endi o‘txonaga qalanadigan o‘tindan boshqa narsa emasliklarini anglaganmikan? Hamma jonli narsa o‘tin! Jahon proletariati dohiysining ham, uning kamsuqum shogirdi - hamma xalqlar dohiysining ham mislsiz donoligi ana shunda edi. Ammo o‘txonalarda olov lovullab yonar, qozonlarda bug‘ vishillar, kema esa manzili noaniq bo‘lsa-da, borgan sari tezligini oshirib suzib borardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:02:25
1931 yil 5 dekabr kuni Moskvaning qoq markazida Xaloskor Isoning ulug‘vor ibodatxonasi tantana bilan portlatildi. Bu ibodatxona ko‘hna Rossiyaning ramzi edi. U eng e’zozli ibodatxona bo‘lib, to‘rt imperator saltanati davomida qirq yil qurilgan edi. Bu portlash sadosi butun dunyoga ming yillik Rossiya imperiyasi abadiy mahv qilinganini namoyish etmog‘i, uning tiriltirilgan jasadi Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi degan nom ostida oyoqqa turib, harakat qila boshlaganini ko‘rsatmog‘i lozim edi. Ayni shu sanani Stalinning mustaqil faoliyati boshlangan kun deb hisoblash mumkin. Chunki xuddi shu kuni Stalin 1917 yildagi ulug‘ g‘alayondan unga meros bo‘lib qolgan «Lenin gvardiyasini», NEPni va boshqa narsalarni yelkasidan uloqtirib tashlab, yangidan jon ato qilingan jasadni o‘zi belgilagan yo‘ldan boshladi. Oradan o‘n yil o‘tadi. O’n yil tarix uchun daqiqalarning mingdan biri ham emas. Lekin jahon dahshatga tushib va ayni choqda qoyil qolib, mo‘‘jizaning guvohi bo‘layotganini chor-nochor e’tirof etdi. Bu mo‘‘jiza haddan tashqari harbiylashtirilgan edi, ammo bu uning ta’sirchanligiga zarracha xalal berolgani yo‘q.

Bu vaqtda 303 diviziya qurollanib bo‘lgan edi. Tanklarning miqdori 23 mingtaga yetdi. Ularning ichida hali dunyoga noma’lum tanklar bor edi: zirhi qalin, motorlari avvalgiday benzinda emas, dizel yoqilg‘isida ishlardi. 17 ming samolyot har qanday g‘ovni majaqlab tashlashga qodir qudratli kuch edi. Ular har jihatdan eng yaxshi G’arb samolyotlaridan qolishmasdi. Ular son-sanoqsiz eskadrilyalarga uyushib, osmonda «Ulug‘ Stalinga shon-sharaflar!» degan inja xitoblarni yozib parvoz qilishardi. Zambaraklar va maxfiy reaktiv minometlarning soni 40 mingga yetgandi. Ular ham jahon miqyosida kommunizm g‘alabasiga erishish yo‘lida uchragan har qanday to‘siqni majaqlab tashlashga tayyor edi. 220 suv osti kemasi bor edi — jahondagi hamma mamlakatlarning suv osti kemalari qo‘shilganda ham bu raqamga yetolmasdi. Yangi esminetslar va kreyserlardan tashkil topgan eskadralar, oshig‘ich ravishda qurilayotgan bahaybat linkorlar qarib borayotgan dengizchi davlatlarga ularning shuhrati so‘nish pallasiga qadam qo‘yganini ro‘yirost ko‘rsatmog‘i darkor edi. Aholi jon boshiga dunyoda hammadan ko‘ra ko‘proq po‘lat va cho‘yan eritayotgan zavodlar, qurollarning yangi turlarini izlab topayotgan son-sanoqsiz ixtirochilik byurolari, tajribaxonalar, radio quvvati va reaktiv harakatlar ustida ish olib borayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari...

Bularning hammasi qaerdan boshlandi? Yuz minglab, millionlab injenerlar, tadqiqotchilar, ixtirochilar, uchuvchilar, shturmanlar, mexaniklar, tank haydovchilar, kema komandirlari, kema shturmanlari, elektriklar, minachilar, to‘pchilar, suv usti va suv osti flotining injener-mexaniklari, o‘ta mustahkam qotishmalar metallurgiyasi bo‘yicha, o‘ta o‘tkazgichlar, plazma, radiotexnik va radiolokatsiya mutaxassislari qaerdan paydo bo‘lib qoldi? Ular daraxtda o‘sgan emas-ku? Axir, 1913 yilda bu toifadagi harbiy va fuqaro mutaxassislarini topish amri mahol edi. Mana endi, bor-yo‘g‘i 10 yil ichida ular paydo bo‘ldi va ko‘paygandan ko‘payib, qudratli harbiy sanoat imperiyasi umurtqasini vujudga keltirdi. Holbuki, bor-yo‘g‘i 10 yil avval ularning ko‘plari mutlaqo savodsiz kishilar edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:02:59
Hozir gap nima evaziga va qanday maqsadlarda bularning bari barpo etilgani haqida emas, balki qanday qilib shunchalik qisqa muddatda buni yaratish mumkinligi ustida bormoqda. Bir siqim tuproqni yerga sochib, «Qo‘zg‘ol behisob qo‘shin!» deya hayqiruvchi va harb mashqini olgan, aslaha-anjomi joyida, yaxshi qurollangan millionlab askarlarning yer ostidan chiqib kelishini tomosha qiluvchi dostonlardagi pahlavon kabi Stalin mamnuniyat bilan o‘zining mo‘‘jizalar yaratuvchi qobiliyatiga ishonch hosil qilsa bo‘lardi. Sotsializm o‘txonasiga qalangan millionlab odamlarning quvvati qaynab-toshgan mehnatga aylandi. Stalin va u yaratgan yangi «qilichbardorlar» partiyasi o‘zining tashkilotchilik qudratini va aql bovar qilmaydigan ishchanligini ko‘rsatdi.

Bu vaqt ichida 60 mingdan ortiqroq ibodatxonalar portlatildi va yo‘q qilindi, ammo taxminan shuncha miqdorda stadionlar va madaniyat saroylari ham qurildi. Muntazam ravishda kuchayib borayotgan terror mehnatda ham, maishiy hayotda ham intizomni mustahkamladi. Partiyaning deyarli hamma «ofitserlari», shu jumladan, «generallari» ham izchillik bilan yo‘q qilib borildi yoki GULAG tegirmonlariga tashlandi. Ularning o‘rnini yangilari, yanada shafqatsizroqlari va dohiyga sadoqatliroqlari egalladi. Nomenklatura o‘zi bilan mahv qilinayotgan xalq o‘rtasida o‘tib bo‘lmas devor barpo qilib, yanada jipslashdi.

Nomenklatura hayotining maxfiyligi benihoya ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlanadigan davlat siri darajasiga chiqarib qo‘yildi. «Dohiylar» qanday yashaydi, nima yeb, nima ichadi, qanday ishlaydi, deb qiziqqan odam, oxir-pirovard otib tashlanishi mumkin edi. Chunki bironta rahbarga qarshi suiqasd uyushtirish niyatida bo‘lgan odamgina bunaqa narsalarga qiziqadi, deb hisoblanardi. Marks juda dudmallik bilan gapirgan proletariat diktaturasi nomenklaturaning xalq ustidan hukmronligiga aylanib qoldi; xalq esa yoppasiga tom ma’nodagi proletariat holiga keltirilgan edi. U mulkdan mahrum etilgan, yuridik huquqlardan mahrum etilgan, faqat xo‘jayin buyurgan ishnigina bajarar va buning evaziga ochdan o‘lmaslikka kifoya qiladigan yoxud xo‘jayin istasa ochdan o‘lishga mahkum etadigan haq olardi. Sirasini olganda, qullarning bunday tarbiyasida hayratlanadigan hech narsa yo‘q edi. Yuqorida eslatib o‘tganimizdek, bunday tarbiya yo‘llari qadimiy davrlardayoq ishlab chiqilgandi. Masalaning nozik tomoni boshqa narsada edi: qullarni bahamjihatlik bilan yonib-o‘rtanib baxt qo‘shig‘ini kuylashga majbur qilish kerak edi. Bu jihatdan ham shunaqa katta ish amalga oshirilgan ediki, uning oldida Misr ehromlarini qurish bolalarning qumdan qurgan o‘yinchoq imoratlariday arzimas narsa bo‘lib qoldi.

Ammo ana shunday mislsiz, mohiyatiga ko‘ra butun koinotga tatiydigan ish qaysi maqsadlarda va qaysi mablag‘lar bilan qilindi?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:03:58
Lenindan ship-shiydam xazinani (Sovet tarixchilarining hammasi bunga qo‘shildi. Stalin mamlakatni juda og‘ir ahvolda qabul qilib olgan - xazina qup-quruq bo‘lgan. Ammo tarixchilar nima sababdandir bir masalada sukut saqlashadi: Lenin tomonidan bosib olingan eski Rossiyaning behisob boyliklari qayoqqa g‘oyib bo‘lgan?) meros olgan Stalin uni to‘ldirish uchun katta kuch sarfladi. 1919 yildayoq Lenin Siyosiy byuroning «olmos» va «oltin» jamg‘armasini tashkil qilgan edi. Bu jamg‘arma mablag‘i Siyosiy byuro a’zolari o‘rtasida baravar taqsimlanardi. Jamg‘armadan maqsad quyidagicha edi: mabodo harbiy harakat ro‘y berib qolsa, Siyosiy byuro a’zolari o‘z ulushini olib chet elga jo‘naydi-da, u yerda «jamg‘arma»ni dastlabki vaqtda joylashib, tirikligini yo‘lga qo‘yib olish uchun sarflaydi. Vaziyat qanday bo‘lishini avvaldan aytib berishning imkoni yo‘q edi — banklar bilan o‘zaro aloqa qilib bo‘ladimi, yo‘qmi? Mahalliy hokimiyatning muomalasi qanday bo‘larkin? Kim biladi deysiz? Axir, gap G’arbiy Ovrupo yoxud AQSh haqida borayotgani yo‘q — ehtimolki bu yerlarda gumdon bo‘lib ketishning imkoni bordir. Gap Argentinaga o‘xshagan g‘aroyib mamlakatlar to‘g‘risida boryapti. Buxarin o‘sha yoqni ko‘zlagan-ku! Ammo darhol bir masala ravshan bo‘lib qoldi — o‘zing bilan ko‘p oltin olib ketolmaysan — og‘irlik qiladi. Olmosu brilliantlar boshqa masala - ularning bir xaltasi ham juda qimmat turadi. Shuning uchun oltinlar sekin-asta G’arb banklariga ko‘chib o‘taverdi, brilliantlar esa «jamg‘arma»da qoldi.

Leninning hayotlik vaqtidayoq, Stalin Markaziy Qo‘mita kotibi bo‘lgandan so‘ng, jamg‘armadagi hamma olmoslarni olib, Sverdlovning bevasi Klavdiya Novgorodtsevaga omonat saqlashga berdi. U qadimiy uslubda ishlangan katta to‘rtta qutini va bitta o‘rtacha sandiqni olmoslarga to‘ldirdi. Beva hech qaerda ishlamas, osoyishta va ko‘zdan panada hayot kechirardi. Olmoslarning joyi o‘zgarganidan xabardor boshqa odamlar bir kun ham yashagani yo‘q. Siyosiy byuro a’zolari g‘avg‘o qilishga urinib ko‘rdilar - ular Stalinni, hatto, shunchaki oddiy, xashaki o‘g’rilikda ayblashmoqchi bo‘lishdi. Barcha xalqlarning bo‘lajak dohiysi istehzosini mashhur mo‘ylovi tagiga yashirib, ularga tushuntirdi: olmoslarni yaxshiroq asrash uchun joyi o‘zgartirildi - Goxranda o‘g‘irlik ko‘p bo‘lyapti, nazorat qilib ulgurib bo‘lmayapti. Bu -birinchidan. Ikkinchidan esa, yaqin o‘rtada xorijga qochib borib, u yerda maxfiy yoxud boshqa biror tusdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga majbur qilayotgan bironta ob’ektiv sabab yo‘q. Agar o‘rtoqlardan biror kishi «doimiy istiqomat qilish» uchun xorijga jo‘nashni ixtiyor qilar ekan, marhamat, qoidaga rioya etib, xohishini ma’lum qilsin, bu haqda Siyosiy byuroga ariza bersin, masala muhokama qilinadi va ijobiy yechilgan taqdirda ketadigan odam o‘z ulushini oladi. Ammo shaxsan Stalin bunga qarshi. Negaki, ular allaqachon o‘z ulushlarini olib, o‘zlari xohlagan joyga yashirib qo‘yishgan, «Siyosiy byuro» jamg‘armasi esa shaxsiy boylik emas, balki yashirin sharoitda tashkiliy ish olib borish uchun barpo etilgan jamg‘armadir.

«Kim shunday buyruq berdi?» degan savol bo‘ldi. Stalin savol bergan Zinovevning yuziga trubkasini burqsitib, «Men buyruq berdim!» deb javob berdi. Stalinning chaqchaygan sarg‘ish ko‘zlarini ko‘rib, Zinovevning yuragi qattiq urib ketdi. Kominternning boshlig‘i keyin bu yurak hapriqishidan to otilguniga qadar xalos bo‘lolmadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:06:24
Avval boshlab Leninni, Dzerjinskiy va Frunzeni go‘rga tiqib, bo‘shab qolgan o‘rinlarga o‘zini, Yagodani va Voroshilovni qo‘ygan Stalin olamshumul rejalarini amalga oshirish jarayonida muttasil oltin haqida o‘yladi. Va boshqa hamma narsadagi kabi Iosif Vissarionovichning o‘ylari darhol muayyan ishlarda mujassam topa boshladi.

Markazqo‘m yo‘li bilan GPUning boshlig‘i Menjinskiy Markaziy Nazorat Komissiyasiga chaqirildi. Bu yerda uning 1917 yildan 1920 yilgacha chekistlik va diplomatik sohalaridagi ko‘p qirrali faoliyatiga doir bir qator savollar berishdi. Savollar avvaliga Germaniyadagi spartakchilar harakati bilan bog‘liq arzimagan masalalar bilan bog‘liq edi. Keyin esa «Temir Feliksning» muovini qo‘li orqali G’arb banklariga o‘tib ketgan juda katta miqdordagi mablag‘larga ko‘childi. Menjinskiyning yuragi xastalanib qoldi. Bu juda qo‘l keldi — uni ortiqcha shov-shuvsiz, salomatligi yomonlashgani vajidan, uy qamog‘iga o‘tkazib qo‘yish imkonini berdi. Bu yerda tergov ishlari bevosita Yagoda va unga tobe shifokorning qo‘liga o‘tdi. Xotirasi tuzukroq ishlasin uchun Ioffe bilan yuzlashtirishdi. Ioffega «keksa, bemor do‘stini» borib ko‘rishni tavsiya qilishdi. Do‘stini ko‘rib kelgan Ioffe uyga qaytib, o‘zini otib qo‘ydi.

Bu GPUning ishidagi katta nuqson edi. Bu to‘g‘rida Iosif Vissarionovich Yagodaga qattiq tanbeh berdi. Yagoda, bunga o‘xshash nuqsonlar boshqa takrorlanmaydi deb va’da berdi va navbati yetganda, va’dasida turib, o‘zini otmadi.

Faqat Ganetskiygina xorijga ketish istagini bildirdi. Unga ijozat tekkanday bo‘ldi-yu, kutilmaganda xotini, undan keyin o‘g‘li qamalib qoldi. Ganetskiyning o‘zi esa, bu orada deyarli har haftada «keksa partiyadosh o‘rtog‘i»ni ko‘rgani borib turdi. Menjinskiy Moskva yaqinidagi dala hovlisida edi. Bu yerga olib boradigan so‘qmoqlarning hammasini unga tobe xodimlar qo‘riqlashar, chunki u hamon GPUning rahbari lavozimida edi. Yagoda esa muovinlardan biri edi, xolos. To‘rt oy davom etgan bunaqa «ko‘rgani borishlardan» keyin Ganetskiyni tanib bo‘lmay qoldi — soch-soqoli butunlay oqarib, salomatligidan putur ketdi. Uni butun oila a’zolari bilan birga otib tashlashganda uning o‘zining ham, yaqin do‘stlarining ham, shu jumladan, Leninning ham shaxsiy hisobidagi hamma pullar Moskvaga qaytarib bo‘lingan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:07:30
Ayni chog'da GPU Parvusni izlab topishga harakat qildi. 1924 yilda uning Shveytsariyada vafot etgani to‘g‘risida ma’lumot keldi, ammo bunga hech kim ishonishni istamadi, chunki Parvus yana bir marta nomini o‘zgartirib, g‘oyib bo‘lganidan guvohlik beruvchi dalillar ko‘p edi. Otasini izlab topish oson bo‘lsin, deb o‘g‘lini qamoqqa olishdi. U Gnedin degan familiya ostida Tashqi Ishlar Xalq Komissarligida xizmat qilardi. Lekin otasini topa olmadilar, shu sababdan o‘g‘li omon qoldi. Uni otasi bilan yuzlashtirmaguncha otib tashlashni istashmadi, shuning uchun ham o‘g‘li to Stalin vafotiga qadar turmada o‘tirdi.

Ayni chog'da Yagoda keng ko‘lamligi jihatidan mislsiz bir operatsiyani boshlab yubordi. U «Trest» degan yashirin nom bilan mashhur edi. Aslida «Trest» deganining o‘zi nima bo‘lgani hozirga qadar ham aniq ma’lum emas. Bu mavzuda gapirishni xushlamaydigan marhum Vasiliy Shulgin bir gal shunday degan edi: «Trest» degani shunaqa xiyonatki, uning ildizlari eng yuqori qatlamlargacha yetib boradi. Ular shu darajada yuqoriki, buni siz xayolingizga ham keltira olmaysiz. Bu operatsiyada OGPUning ham mamlakat ichidagi, ham xorijdagi hamma kuchlari ishga solingan edi. Stalin maxfiy politsiyasining turli bo‘limlari o‘rtasida aql bovar qilmaydigan maxfiy va o‘ta shafqatsiz jang davom etdi. Ko‘pincha bir qavatda yo‘lakning ikki tomonida joylashgan, nari borsa, bir binoning o‘zida har xil qavatlardagi bo‘limlar o‘rtasida jang borardi. Bir bo‘lim ikkinchi bo‘limga o‘z xufiyalarini joylashtirishga intilar, xodimlarni oqlarning kontrrazvedkasiga yoxud Ovrupodagi huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga tutib berishardi. Moskvadan Parijgacha bo‘ladigan son-sanoqsiz talashuvlarda raqobatchilar ayovsiz ravishda bir-birini mahv etardi, chegaralarda haqiqiy va soxga tuynuklar bor edi, ikki, uch va hatto, to‘rt xo‘jayinga ishlaydigan agentlar ko‘payib ketgandi. Aftidan, OGPU rahbariyatining o‘zi bu o‘yinda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi... Negaki, bu operatsiyaning bironta ishtirokchisi 1937 yildan omon chiqmadi... Faqat ikkita ingliz va bitta nemis razvedkachisigina «Trest» niqobi ostida NKVD tizimiga suqilib kirib olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ular qiziqarli xotiralar qoldirganlar.

Aftidan, «Trest»ning bir nechta maqsadi bo‘lgan. Ularning hammasi ham ayon ko‘zga tashlanib turmaydi, ba’zilarini esa hozircha ifodalab berish ham qiyin. Ammo maqsadlardan biri juda aniq — oq gvardiyachilarning tillasini topish, ularning moliyaviy manbalarini aniqlash va bu manbalarga «Trest» guruhini ham bog‘lab qo‘yish bo‘lgan. Shuning bilan barobar taxminan 15 yil mobaynida Rossiya va Ovrupo banklarini talagan so‘l eserlarning oltinini qidirish ham davom etgan. Deyarli bir vaqtning o‘zida Boris Savinkov va general Kutepovlar o‘g‘irlab kelindi. Shu vaqtning o‘zida OGPU agentlari bir fransuz - vositachi orqali Parijda xususiy bank sotib oldi, u juda qisqa muddat ichida katta bo‘lib ketdi va mashhur «Yevrobank»ka aylandi. «Yevrobank» Fransiya poytaxtidagi eng yirik xorijiy bank edi. Bu yerdagi eng g‘aroyib narsa shundaki, dastavval bu bankka rus muhojirlari asos solishgan edi va oqlarning asta-sekin Moskvadan ko‘chirib keltirgan jamiki oltinlari uning joriy hisobida saqlanardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:08:17
Mamlakat ichkarisida o‘tkazilgan tadbirlarning dovrug‘i kamroq bo‘lsa-da, lekin ular ham juda jiddiy hisoblanardi. Hamon Lenin zamonlaridan qolgan ishtiyoqlar ta’sirida Rossiyaning badavlat muzeylaridagi boyliklar G’arbga ko‘chishda davom etgan, lekin oradan ko‘p o‘tmay bunga chek qo‘yilgan. Bir mamlakatda sotsializm qurish mumkinligi haqidagi shior o‘rtaga tashlangandan keyin Stalinning siyosati yanada o‘zgaruvchan bo‘lib qoldi, ammo bu o‘zgaruvchanlik aholini talashning eski lenincha metodlarini yanada mukammallashtirdi. Qurolli otryadlar xonadonlarga bostirib kirib, oltin va qimmatbaho buyumlarni izlab, yalpi tintuvlar o‘tkazadigan vaqtlar allaqachon o‘tmishga aylangan edi. Otishmalaru baqirib-chaqirishlar bilan o‘tadigan bu g‘avg’olar endi kutilgan natijani bermay qo‘ygandi, chunki ko‘pchilik odamlar allaqachon shipshiydam qilib shilib bo‘lingan, agar mabodo birontasida hali biror-bir qimmatbaho narsa qolgan bo‘lsa, ular juda puxta yashirib qo‘yilgan edi. Har qanaqa tintuv bilan yerga ko‘milgan yoki devorlar ichiga berkitilgan boyliklarni togshb olishning iloji bo‘lmasdi. Ish boshqacha tus oldi — hammasi juda oddiy va bejirim qilindi. Hukmdorlar mamlakatda millionlab odamlarni go‘rga tiqqan dahshatli ochlikni vujudga keltirgach, ko‘pgina shaharlarda «Torgsin» («Savdo sindikati») degan magazinlar ochishdi. Unda makaron, yog‘, don-dun deganday ba’zi bir oziq-ovqat mahsulotlarini bemalol sotib olish mumkin edi. Faqat buning uchun oltin yoxud chet el valyutasi to‘lash kerak edi. Odamlar yashirib qo‘ygan boyliklarini o‘zlari qazib olib kelishar, bu yerda esa ularni GPU xodimlari kutib olishib, «bu tillalarni yoki chet el valyutalarini qaerdan oldingiz, axir, ularni allaqachon hukumatga topshirish buyurilgan edi-ku?» - deb so‘roqqa tutishardi. «Torgsin»ga borgan odamning uyida o‘sha kuniyoq tintuv o‘tkazilar va uy egasi qamoqqa olinardi. Lekin, rost, tillalari va valyutasini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, qamoqdan ozod qilinardi.

Ana shu voqealarning avj pallasida uzil-kesil NEPning janozasini o‘qishdi. Mamlakatning hamma yirik shaharlarida «NEPman»larni GPUga chaqirib, ularga: «Janoblar! Sizlar qora kunimga yarab qolar deb tilla yiqqansiz. Qora kunlar keldi. Qani, topshiring uni davlatga!» - deb buyurishgan. Bu farmoyish yuqori tashkilotlarning ko‘zidan o‘tgan shekilliki, tarixga kirib qolibdi. Ba’zi bir nepmanlar ahvol jiddiyligini ko‘rib, «tilla ketsa ketsin, jon omon qolsin», deb bor-yo‘g‘larini topshirib qo‘ya qolishgan. Turli joylardagi ikkilangan odamlarga har xil yo‘l bilan nasihatlar qilingan. Ba’zi birlariga, hatto, sotsializmning siyosiy iqtisodidan ma’ruzalar o‘qib, ularni mamlakatlardagi hamma oltin qudratli sotsialistik davlatning qo‘lida jam bo‘lsa, har bir fuqaro badavlatroq, baquvvatroq va erkinroq yashaydi, deb uqtirishgan. Bu ma’ruzalar, albatta, turmalarda o‘qilgan. Lekin, baribir, yaxshi samara bergan emas. Ko‘pchilik sotsializm iqtisodiy jihatdan ma’qul tuzum ekaniga ishonishni istamagan. So‘z bilan ishontirolmagach, ish bilan ishontirmoqchi bo‘lishgan. Imkoni bo‘lgan joylarda sho‘rlik «NEPman»larni 60 gradusgacha issiq kameralarda saqlashgan, suv berishmagan. Boshqa joylarda to‘piqqacha suv chiqib turadigan muzdek kameralarga tiqib qo‘yishgan. Bunday murakkab usullarni qo‘llashni bilmaganlar yoki xohlamaganlar esa, mahbuslarni joni chiqqunicha kaltaklashgan. Boyliklarini asrab qolib, o‘lib ketishga rozi bo‘lganlar kamdan-kam edi. Ko‘pchilik taslim bo‘lib, yangi iqtisodiy sharoit davrida to‘plagan bor-budini topshirib qo‘ya qolgan. Ammo ko‘pincha fursat boy berilgan, chunki mahbuslarning qaysarligi GPU xodimlarida shubha uyg‘otgan. Mahbuslar bor-yo‘qlarini oxirigacha topshirgan bo‘lsalar ham, buni isbot qilib berolmas edilar. Qiynoq metodlari borgan sari noziklashib bordi va tilla irmoqchalar sotsializm xazinasini to‘ldirishda davom etdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:08:50
GPU organlariga Lenin tomonidan qoldirilgan vasiyatnoma-qo‘llanmadagi «Sovet tuzumining yashirin dushmanlari» bo‘limining 4- va 5-moddalariga quyidagilar kiritilgan edi: hamma sobiq yer egalari, hamma sobiq savdogarlar, magazin va do‘konlarning egalari, sanoat korxonalari va ustaxonalarning hamma sobiq xo‘jayinlari, yirik ijaradorlar, badavlat dehqonlar. Sotsialistik davlatning bu tabaqalariga ham «nepman»larga o‘xshash muomala qilishdi. Faqat ularga sotsializmning siyosiy iqtisodiyotidan ma’ruza o‘qishmadi. «E, bor-yo‘g‘imni 1918 yildayoq qoqishtirib olib bo‘lishgan», degan gaplarga masxaraomuz ohangda javob berishardi: «A, shunaqami? Hammasini qoqishtirib olishgan deng? Hech narsani qoldirishmaganmi? Yo‘g‘-e! Bunchalik emasdir. Bir eslab ko‘ring. Biror joyga ko‘mib qo‘yganingiz bordir. Biror kavakka tiqib qo‘yganingiz chiqib qolar. Esingizda yo‘qmi? Eslang, eslang! Hali vaqt bor». Eslashardi-da, nobud bo‘lishardi. Oxirigacha bardosh berganlar ham nobud bo‘lardi. Sababi, ular halokatga mahkum edilar. Halok bo‘layotib, davlatga biron narsa topshirib ketishsa, nur ustiga nur. Boshqasi bilan kimning ishi bor?

GPUdagi son-sanoqsiz tergovchilar va taftishchilar ustidan hech qanday nazorat yo‘q edi. Tortib olinayotgan boyliklarning qanchasi ularning kissalariga kirayotgani noma’lum edi. Bu rahbariyatning asabiga tegardi, ammo GPU va ilk NKVDning hamma shaxsiy xodimlarini o‘z tegirmonlaridan o‘tkazishga qaror qilingan edi. Shuning uchun «nepman»lar va turli-tuman sobiqlarning ishini olib borgan xodimlarni alohida tergov qilishga qaror qilindi. «Siz Sabatashnikovning ishini olib borgan edingiz. Qani, oxir-oqibatda u qancha tilla va valyuta topshirdi? Balki ko‘proq topshirgandir? Qani, esla, ablah!» Shunday deb to‘pponcha peshonaga tiraladi. Hammasini aniq eslashgan. Usul juda samarador edi. Bekorga bu usulni 1917 yildan beri charxlab kelishganmi?

Bu ishlarning gashti ham zo‘r edi-da! Loaqal podsho boyliklari bilan bog‘liq ishni eslang. Yurovskiy Yekaterinburgdan Moskvaga olib kelgani dengizdan bir tomchi edi, xolos. Imperator tushmagur, Tobolskda bo‘lgan vaqtida, soqchilar boshlig‘i sadoqatli polkovnik Kobilyanskiy orqali, fransuzlarning zaytun yog‘i solinadigan olti litrlik bir necha o‘nlab ma’dan idishlarida behisob boylikni gum qilgan ekan. Bu xazinani Romanovlar oilasi 300 yillik saltanatlari davrida to‘plagan edi. Polkovnik Kobilyanskiyni Xitoydan o‘g‘irlab kelishdi (keyinroq uni Sibirning allaqaeridagi lespromxozdan topdik, deb yolg‘on ayta boshlashdi. Go‘yo sobiq polkovnik u yerda hisobchimi yo qorovul bo‘libmi ishlagan emish). Ana o‘shanda ish boshlanib ketdi-ku! Sibirning muzlagan yo‘llaridagi quvla-quvlalar, tayga qa’ridagi tashlandiq xutorlardagi otishmalar, Moskvadan to eng olis, eng ovloq joylargacha qama-qamalar! Qancha odam jangovar Qizil bayroq nishoni oldi, qancha odam peshonasidan o‘q yedi. Polkovnikning o‘zini qiynab o‘ldirishdi, ammo fransuzlarning zaytun yog‘i solinadigan idishdagi boyliklardan bor-yo‘g‘i beshtasi topildi, xolos. Holbuki, idishlar 37 ta edi. Qolganlarini hanuz izlashadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:09:20
Buxoro amirining oltini-chi? Xiva xoniniki-chi? Boku bankining oltinlari-chi? Musovotchilarning oltini-chi? Naxichevan xonining olmoslari-chi? Sanagan bilan ado bo‘lmaydi. Hammasiga Leninning qo‘li yetib ulgurmagan ekan. Ularga Stalinning qo‘li yetdi. Yillab o‘tkazilgan tergovlar, guvohlar va tergovchilarning sirli o‘limlari, aholisi boshdan-oyoq qirib tashlangan qishloqlar va ovullar, qayoqqa yo‘nalgani ma’lum bo‘lmagan sirli karvonlarni to‘xtatish maqsadida daralar ustiga samolyotlardan sepilgan zaharli gazlar, tabiatning jamiki qonunlariga ko‘ra shu daralarda jasadlari qolib ketishi muqarrar bo‘lgan yuzlab tuyalar va odamlarning sirli ravishda g‘oyib bo‘lishlari...

Ispaniyadan olib chiqilgan oltin, Boltiqbo‘yida esa Bessarabiyada bosib olingan boyliklar, Ovrupo ustiga rejalashtirilgan yurishda jamiki Ovrupo tillasini qo‘lga kiritish niyatlari... Minglab maxfiy papkalar, o‘n minglab ma’lumotlar, hisobotlar, loyihalar... Jangovar ordenlar va ismsiz qabrlar, maxsus in’omlar va turmaning yovg‘on sho‘rvasi, Stalinning yo‘lbarsniki singari targ‘il ko‘zlari va Tehron zindonlari. Odamni entiktiruvchi yuzlab romanlar va kinofilmlar uchun syujetlar...

Ammo bunga o‘xshash chiroyli oldi-qochdilar o‘rtoq Stalinning olamshumul rejalarini moddiy jihatdan ta’minlay olmas edi, albatta. Bu oldi-qochdilar nima bilan tugashini oldindan aytib berish mushkul edi. Chindan ham, Buxoro amirining oltinlari izidan tog‘liq qishloqlar bo‘ylab darbadar izg‘isang, natija nima bo‘lishini kim aytib bera oladi? Biron kulbada Buxoroning uch-to‘rtta qizil tillasini topishadimi-yo‘qmi? Yoki ayqash-uyqash tog‘ so‘qmoqlarida adashib qolgan otryadni yovuz arvohlar yutib yuboradimi?

O’rtoq Stalinning rejalari shunga o‘xshagan hodisalarga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin emas edi. Shuningdek, rejalarning ro‘yobga chiqishi polkovnik Kobilyanskiyning tergovga yordam berishiga yo bermasligiga ham qarab qolmasligi kerak.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:10:05
Eski zamonlarda Rossiya Sibir konlaridan yiliga taxminan 30 tonna tilla olardi. Ko‘p yillardan beri foydalanilgani uchun eski konlardan putur ketgan edi, alg‘ov-dalg‘ov yillarida esa konlar butunlay vayron bo‘ldi. Bundan tashqari eski konchining o‘zi ham bir qo‘lida miltiq, bir qo‘lida cho‘kich bilan yangi davlat tizimiga sira to‘g‘ri kelmasdi. Buning ustiga u ixtiyoridagi oltin qumni o‘qqa va mo‘ynaga almashtirar, o‘zi baquvvat va erkin edi. Yangi zamonlarda yangi usullar ham tug‘ildi.

Asr boshida geologlar Kolima daryosi havzasida katta-katta oltin qatlamlarini topishdi. Kolima daryosi Yoqutistonning sharqi-shimolida Muz okeaniga quyilardi. Bu kimsasiz o‘lka mangu muzlardan iborat bo‘lib, daryolar yiliga 285 kun muzdan xalos bo‘lolmasdi. Ibtidoiy holatdagi mahalliy aholi esa kam sonli edi va ko‘chmanchilik qilardi. Ular, asosan, baliqchilik bilan kun ko‘rishar, hatto, bug‘uchilik bilan ham shug‘ullanishmasdi. Chunki bu yerlarning og‘ir sharoitiga bug‘ular ham dosh berolmasdi. Shuning uchun bu yerlar na chor hukumatining, na xususiy tadbirkorlarning e’tiborini jalb qiddi. Bunday sharoitda ayni hududdagi konlarni ishga solish o‘zini oqlamaydi deb qaralardi. Umuman, bu yerda yashash mumkinligiga aql bovar qilmasdi. Ammo bolsheviklar tarix maydoniga kirib kelganlaridan keyin, ular har qanday ertakni ro‘yobga chiqarmoqlari kerak-da!

1932 yilning yozida 12000 mahbus Magadanga olib borib tashlandi. Ular Ukrainadan, Dondan, Rossiyaning Markaziy viloyatlaridan yig‘ilgan sobiq badavlat dehqonlar edi. Ularni GPUning 2500 askari ikki yuzta iskovuch it bilan qo‘riqlab kelgandi. Shuncha odamni bu yerga olib kelishdan maqsad Kolimada topilgan oltin zaxiralarini darhol ishga solish edi. Bu operatsiya kimning miyasiga kelgan-u, uni kim rejalashtirgan? Buni bilmadig-u, lekin mahbuslar ko‘ylakchan, soqchilar gimnastyorkada edilar. Faqat itlargina issiq po‘stinlarga ega edilar. Ammo bu ham ularni qutqarib qololmadi. Qo‘qqisdan sentyabrda tushgan sovuqdan hamma qirilib ketdi. Bironta ham tirik jon qolmadi, shu jumladan soqchilar ham, itlar ham nobud bo‘ldi. 1933 yilning yozida Magadanga 32 ming mahbus olib kelindi. Endi bularning ust-boshi bir oz durust edi. Ammo qishdan har elliktadan bittasigina omon chiqdi. 1934 yilning yozida yana 48 ming odam keldi. 1934—1935 yil qishida yana hamma mahbuslar qirilib ketdi, lekin soqchilar omon qoldi. 1935 yilning yozida 38 mingta odam olib kelindi. Sotsializm iqtisodiyotining asosi aynan ana shunda edi. Odamzod behisob sarflanaveradi. U ikki oygina mehnat qilsa bas, shuning o‘zi unga sarflangan xarajatni oqlaydi. Shu odamlar qilgan qullarcha mehnat stalincha iqtisodiyotni olg‘a siljitgan asosiy kuch edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:10:35
Oltin konlari ishlamoqda va mahsulot bermoqda edi. Oltin chiqarish borasida Moskvadan juda qattiq reja berilardi, rejani bajarmaganlar shafqatsiz jazolanardi. Kolimadagi qamoqlar tizimi barcha rahbariyatining boshi kundada edi. 1934 yildayoq oltin ishlab chiqarish 1913 yildagi darajaga yetdi. 1936 yilda bu darajadan ikki baravar o‘tib ketildi. Urush boshlanishiga kelganda oltin ishlab chiqarish 250 tonnaga yetdi. Bu vaqt mobaynida faqat Kolima konlarining o‘zidagina 600 ming odam qirilib ketdi. Ayniqsa, urushdan avvalgi to‘rt yil juda dahshatli bo‘ldi. Bu yillarda konlarga ommaviy tarzda shahar aholisi kela boshladi. Ularning konlardagi hayoti kamdan-kam hollarda besh haftadan ortiq davom etar edi.

Shu bilan birga Krasnoyarsk o‘lkasining shimolida behisob boyliklar topildi. 1935 yilda Norilsk saralash kombinatining qurilishi boshlandi. Norilsk rudasiga mamlakatda ham, xorijda ham ehtiyoj juda katta edi. Uni hozirga qadar valyutaga pullaydilar. Bu yerda ham hamma ish Kolima usulida amalga oshirildi. Mahbuslar qay kiyimda qamoqqa olingan bo‘lsa, shu ko‘yi kemalarga ortilib, Dudinka portiga keltirib tashlandi. Bu yerda sentyabrning boshidayoq sovuq 45 gradusga yetadi. Odamlarni kombinatga yo saflab piyoda haydab kelishardi, yo mashhur Dudinka-Norilsk temir yo‘lidan ochiq vagonlarga qalab keltirishardi. Ish joyiga mahbuslarning o‘ndan birigina yetib kelardi. Qolganlar yo‘lda nobud bo’lardi. Kelganlarning qo‘liga lom bilan cho‘kich tutqazishardi-da, sovuqda, achchiq izg‘irin shamolda o‘zlari uchun yerto‘la qazishga majbur qilishardi. Ertalab tong otguncha qolganlar ham qirilib ketardi. Ishni yangi kelganlar davom ettirardi. Ahvol shu tarzda benihoya cho‘zilaverardi. Shunday bo‘lsa-da, 1936 yildayoq Norilsk rudasini ortgan birinchi kemalar Ovrupo portlarida paydo bo‘ldi. Bu Stalinga baquvvat valyutada barqaror daromad keltira boshladi.

Hamma joyda ahvol shunday edi. Odamlar millionlab halok bo‘lmoqda edilar. Bu holat 1939 yilda Stalin «SSSRda, umuman olganda, sotsializm qurib bo‘lindi», deb aytishi uchun to‘la asos berdi. Stalin har jihatdan mamnun bo‘lishi mumkin edi. U o‘ylab topgan va rejalashtirgan tuzum benuqson ishlardi. Har qadamda mo‘‘jizalar yaratilardi. Turmalarning zax xonalarida o‘tirgan ixtirochilar va muhandislar yangi qurollarning loyihalarini yaratmoqda edilar. Bu ishlari uchun ular mukofot tariqasida bemalol non bilan yarim stakan qaymoq olishardi. Mahbus Tupolev yangi, olisga uchish jihatidan tengi yo‘q samolyotlar o‘ylab topmoqda edi. U yaratgan samolyotlar Shimoliy Qutb orqali Amerikaga uchib borishga qobil edi. Mahbus Ramzin jangovar kemalar uchun yangi qozonlar yaratmoqda, mahbus Korolev esa kelgusida fazoga uchadigan raketa texnikasi ustida ish olib bormoqtsa edi. Ular o‘z ahvollaridan mamnun edilar, imtiyozlarini qadrlar edilar, chunki millionlab boshqa mahbuslar shaxtalarda, konlarda, oltin yuvadigan joylarda bir luqma ovqat uchungina mehnat qilishardi. Bu luqma bilan ular ikki haftadan ortiq umr ko‘rolmasdilar. Bu sho‘rliklar ikki haftalik mehnat qilib, keyin o‘lib ketishlari avvaldan rejalashtirib qo‘yilganini, o‘rinlariga boshqa mahbuslar kelishini bilmasdilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:11:02
Qudrati beqiyos, soni behisob armiya yurishga tayyorgarlik ko‘rardi. O’sha paytlardagi bir mashhur qo‘shiqda aytilganidek: «O’rtoq Stalin bizni jangga yo‘llaydi, birinchi marshal bizga bosh bo‘lar!»

O’rtoq Stalin o‘z armiyasiga suqlanib qarar va undan o‘lguday qo‘rqardi. Sirasini aytganda, u armiyani yo‘q joydan bor qilgan va bu armiya o‘zining ham kulini sovurishi hech gap emasdi. Bahaybat harbiy sanoat kompleksi kun sayin quvvatini oshirib, mamlakatni yangi-yangi qurollar tizimiga ko‘mmoqda. Beqiyos bir tegirmon borgan sari aylanishini tezlatib, yo‘lida uchragan hamma narsani, shu jumladan, o‘zining yaratuvchisini ham majaqlab tashlashga qodir edi. Afsonalarda bir jodugar haqida hikoya qilinadi — u bir tosh jasadni tiriltirish uchun unga behad hayotiy quvvat baxsh etgan va behisob oltin sarflagan ekan. Jodugar shu jasad yordamida butun dunyo ustidan hukmron bo‘lib olmoqchi ekan. Stalin ham xuddi ana shu jodugar kabi o‘z qo‘llari bilan barpo etilgan qudrat qarshisida qonuniy iftixor tuyg‘ularini his qilardi.

Partiyaning oltini bilan xalq qonidan bino bo‘lgan ummon birlashib, butun insoniyatga tahdid soluvchi metin bir mushtni yaratdi. Qay bir bosqichda bu mushtdan Stalinning o‘zi dahshatga keldi va uni o‘zi majaqlab tashlamoqchi bo‘ldi. 1937 yilda Stalin mamlakatni qon dengiziga botirib, harbiy-sanoat kompleksining va kuchlanib borayotgan nomenklaturaning po‘lat quchoqlaridan xalos bo‘lishga kirishdi. Marshallar, armiya qo‘mondonlari, korpus komandirlari, diviziya komandirlari, xalq komissarlari, markazqo‘m a’zolari, viloyat qo‘mitalari, o‘lka qo‘mitalari, rayon qo‘mitalari kotiblarining boshlari sapchadek uchdi. Tabiiyki, ular bilan birga millionlab oddiy odamlarning ham yostig‘i quridi. Stalin dostonlardagi pahlavondek jang qildi, ammo undan farq qilaroq jangda yutqazdi. O’zi yaratgan qudratni majaqlashga kuchi yetmadi. Oltin bilan qonning qotishmasi haddan ziyod mustahkam bo‘larkan. Partiyaning oltini bilan xalqning qoni partiya ichida, armiyada, sanoatda shunday bir yengilmas nomenklaturani barpo etgan ediki, uni bitta boshini uzib tashlasang, o‘rniga uchta yangisi o‘sib chiqardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:11:27
Ammo dohiy nomenklaturani yenga olmagan ekan, nomenklatura ham dohiyni yenga olmasdi. 1937 yil shuni ko‘rsatdi-ki, hamma nomenklatura tizimlari siam egizaklaridek bir-biriga bog‘lanib ketgan ekan. Modomiki, bir-birini majaqlab tashlashning imkoni yo‘q ekan, nomenklaturaning a’yonlari bilan uning ijodkori Stalin o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni yo‘lga qo‘yish kerak edi. Bu aloqalar allaqachon jozibasini yo‘qotib bo‘lgan va apparat xodimlarining dohiylariga sadoqatidan iboratgina emas edi. Nomenklaturani Stalin barpo etgan edi, ammo Stalinning o‘zini ham nomenklatura bunyod qilgan edi. Muayyan muddatgacha Stalin buni anglab yetmadi. Nomenklatura Stalinning diktaturasi uchun ijtimoiy tayanch bo‘ldi, ammo zolim gruzinga muhabbati to‘lib-toshganidan, unga sadoqati cheksiz ekanidan shunday bo‘lgani yo‘q. Balki nomenklatura shu yo‘l bilan mamlakatda o‘zining kollektiv diktaturasini o‘rnatdi. Nomenklatura dohiyning buyruqlarini jonini jabborga berib ado etar ekan, bu buyruqlar nomenklatura manfaatlarini ko‘zlab berilyapti deb hisoblardi. Albatta, Stalin zarur bo‘lib qolsa, ulardan istalganini alohida olib majaqlab tashlashi, haydab solishi, tiriklay yondirib yuborishi mumkin edi, ammo nomenklaturaning hamma qatlamiga qarshi chiqa olmasdi. Buni u umrining oxirigacha ham yetarli anglamay o‘tdi. Bu mustabid qalban bunga qarshi edi. Hamma narsa ham uning xohishi va irodasiga bo‘ysunmasligiga u sira tan berolmas, shuning uchun vaqt-vaqti bilan nomenklaturaga qarshi yangi urushlar ochib turardi. Ammo endi bular ortiq urush emas, oddiy xurujlar edi. Bu xurujlarning har biri nomenklaturani yanada kuchliroq, Stalinni esa yanada ojizroq qilardi. Istasa-istamasa, u nomenklatura manfaatlarini ko‘proq o‘ylashga, uning hokimiyatini mustahkamlash, obro‘sini oshirish, imtiyozlarini kengaytirish haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur edi. Negaki, u o‘z qo‘g‘irchoqlari qo‘lida o‘yinchoq edi, xolos. Stalin bu qo‘g‘irchoqlarning xohish-irodasini bajarsagina, ular ham Stalinning xohish-irodasiga yurar edilar.

Stalin yaratgan nomenklaturaning xohish-irodasi esa, borgan sari ravshanroq ko‘rinmoqda edi. U butun mamlakatda o‘zining mustahkam hukmronligini ta’min etishni xohlardi. Bu hukmronlik dohiyning injiqliklari yoxud o‘zboshimchaliklariga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak edi. Aksincha, dohiyning o‘zi nomenklaturaning irodasini bajarishi lozim edi. Dohiy bu vazifani bajarar ekan, hech qanaqa mol-mulkka daxldor bo‘lmasligi kerak edi, nomenklatura a’zolarining hayotigaku chang solishi mutlaqo mumkin emasdi. Shunday rivoyatlar bag‘rida Lenin siymosi saqlanib kelmoqda edi. U tevaragidagi a’yonlarning har qanday gunohidan o‘tar, shaxsiy boyish va kollektiv farovonlik yo‘lida qanday noma’qulchilik qilgilari kelsa, hammasiga yo‘l qo‘yib berardi. U haqiqiy dohiy edi. Nomenklatura qa’rida «partiya hayotining lenincha normalariga qaytish» istagi sekin-asta pishib kelmoqtsa edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:11:57
Stalin buni bilardi. U qudrati avj nuqtaga chiqqanda elu yurt oldida Leninni nemis josusi deb e’lon qilish va uning xotirasini yanchib, talqon qilib yuborish xohishiga tushib qoldi. Qamoqqa olingan Frits Platten zarur ko‘rsatmalarni berib ham bo‘lgan edi, ammo eng so‘nggi daqiqada Stalinning yuragi betlamadi. Nima qilganda ham «Stalin — bugungi Lenin!» edi-da. Stalin butun umri davomida, qo‘lidan kelganicha, Lenin merosiga qarshi kurashib keldi. «Lenin gvardiyasi»ni tag-tugi bilan yulib tashladi. Leninning «barchaning barobarligi» haqidagi nazariyasidan yuz o‘girdi. Toki biror odam bu tenglikni kutib, ovora bo‘lmasin. Aksincha, shuni ta’kidladi-ki, «har bir kommunist, agar u chin kommunist bo‘lsa, shuni anglamog‘i kerakki, iste’mol va shaxsiy hayot borasidagi tenglik mayda burjua unsurlari tomonidan o‘ylab topilgan bema’ni va ayanchli bir gap». Nomenklatura oyoq ustida turib uni olqishladi. U Leninning butun jahon miqyosida sotsializm qurish mumkinligi haqidagi qarashidan voz kechdi, chunki nomenklatura jahon proletar inqilobiga umid bog‘lab bir marta chuv tushgandi, Trotskiycha «uzluksiz inqilob» haqidagi safsatalar uning ensasini qotirardi, shuning uchun u o‘z o‘rnida mustahkamroq o‘rnashib olishni istar, o‘z kelajagini oqibati noma’lum bo‘lgan yangi voqealarga bog‘lab qo‘yishni istamas edi. Ular «bir mamlakatda sotsializm qurish mumkin» degan gapga mushtoq edilar. Shuning uchun Stalinning bu gapini zavq-shavq bilan qarshi olishdi. Marksizm nuqtai nazaridan qaraganda, Stalin formulasi uchchiga chiqqan bema’nilik edi. E, Marks bilan Lenin og‘ziga kelganini qaytarmay gapiravergan-da. Bugun ularning gaplaridan ma’no qidirish kimga kerak? Ammo shunga qaramay, sinfsiz jamiyatni kapitalizm ummoni o‘rtasidagi yagona orolday yaratish mumkin emasligi ham ravshan edi.

Ammo Stalin nomenklaturasi yangi formulani ayyuhannos solib muborakbod qildi, chunki bu formula uning hokimiyatini «sotsializm» so‘zi bilan munavvar qilib berardi. O’rtoq Stalinning sotsializmning bir mamlakatdagi g‘alabasi «to‘la bo‘lishi mumkin, lekin uzil-kesil bo‘lmasligi ham mumkin» degan gapi ularni zarracha xijolatga solmadi. SSSRda sotsializm g‘alabasi uzil-kesil bo‘lmasligi haqidagi tezisdan maqsad — qirib tashlanayotgan xalqning ko‘nglida allaqanday nosog‘lom va ro‘yobga chiqmaydigan umid uyg‘otish emas edi. Bu tezisdan foydalanib, «kapitalizmning qayta tiklanishi» mumkinligini pesh qilgan holda Stalinning ichki, harbiy va tashqi siyosatlarini asoslash nazarda tutilgan edi. SSSRda sotsializmning to‘la g‘alaba qilgani haqidagi fikr esa tuzumning barqarorligi va mustahkamligini tan olishga xizmat qilardi.

Ana shu nomenklatura Stalinning har tomonlama g‘amxo‘rliklarini ko‘rib turgan bo‘lsa-da, allaqanday «lenincha normalar»ni orzu qila boshladi.

Bo‘riga har qancha tarbiya berganing bilan...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:14:56
Stalin ularning ustiga o‘zining qonsiragan iti - Yejovni qo‘yib yubordi. «Temir narkom» va uning yugurdaklari nomenklaturaning qonini rosa to‘yib ichishdi. Ammo hech narsa chiqmadi. Yejovni imi-jimida yo‘q qilishdi va oxirida shov-shuvsiz otib tashlashdi. Ammo hammaga ayon edi-ki, Yejovni allanechuk tushunib bo‘lmaydigan rahmdillik bilan tugatishdi. Bunaqa ko‘ngilchanlik zamonaga mos kelmas edi. Na gazetalarda uni qoralab la’natlashdi, na umumxalq yig‘inlarida «ilonning boshi yanchib tashlansin!» degan xitobu talabnomalar bo‘ldi, na hamma gunohini tan olgan sud majlislari o‘tkazildi, na kapitalizmni tiklashga uringani haqidagi odatiy ayblovlar aytildi, na otilgani haqida loaqal oddiygina axborot bosildi. (Uning otilgani 1988 yilga kelibgina ma’lum bo‘ldi. U paytlarda esa Yejovning taqdiri to‘g‘risida NKVD yo‘li bilan ikkita mish-mish tarqatilgan edi. Bularning biriga ko‘ra, u aqldan ozgan va jinnixonada kishanband ahvolda o‘tiribdi. Ikkinchi mish-mishga qaraganda esa, u ko‘kragiga «Men -bo‘qman» degan yozuvni ilganicha, o‘zini-o‘zi osib qo‘ygan. O’ylab qaraganda ikkala mish-mish ham chakki emas.)

Hali bu ham holva - Yejovning yaqin qarindoshlaridan birortasi ham jazoga tortilmadi. O’sha davrdagi mavjud tartiblarga qiyos qilinsa, bu juda g‘alati edi. Masalan, marshal Tuxachevskiyning nafaqat qarindoshlari, hatto o‘ynashlari ham sog‘ qolgan emas. Ularning hammasi qamoqqa olindi va nobud qilindi. Yejovning qarindosh-urug‘lari esa Moskvada bemalol yashab yuraverdilar, «temir narkom»ning akasi esa, hatto, urushdan keyin ham RSFSR maorifida vazir muovini bo‘lib ishlagan edi.

Yejovning o‘ziki shu qadar takalluf bilan gum qilingandan keyin uning yugurdaklari jabrlanish bir yoqda tursin, amal zinapoyalaridan ko‘tarilib ketishdi. Yejovning muovini Shkiryatov xo‘jayini daf bo‘lishi bilanoq Markazqo‘mga a’zo qilib saylandi va Markazqo‘m qoshidagi Partiya nazorati komissiyasi raisi lavozimini egalladi. Nomenklaturaga kiradigan bu amal juda katta mansab edi. Mashhur Vishinskiy ham izzat-ikromga ko‘mib yuborildi — u Markazqo‘mga a’zo bo‘ldi. Xalq Komissarlari Soveti Raisiga muovin qilib belgilandi va SSSR Tashqi Ishlar vaziri bo‘ldi. Bundan tashqari, u akademik qilib saylandi. Qonli fojialar davrining Molotov, Jdanov, Kaganovich kabi arboblari omon qolgani to‘g‘risida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. (Stalinning vafotidan keyin odamlarni ommaviy qirishda ma’lumu mashhur bo‘lgan Molotov va Kaganovichni partiyadan o‘chirish uchun Xrushchevga ancha jon kuydirishga to‘g‘ri keldi. Ammo partiyadan quvilgan Molotov bamaylixotir hamma imtiyozlardan foydalanishda davom etdi. U Granovskiy ko‘chasidagi hukumat uyida — juda keng-mo‘l kvartirada istiqomat qilar, Markaziy Qo‘mitaning «O’rmon bag‘rida» degan quling o‘rgilsin sanatoriyasida hordiq chiqarar va Lenin kutubxonasining 1-sonli qiroatxonasidan foydalanardi. Bu qiroatxona akademiklar va xorijiy olimlarga atalgandi, holbuki Molotov na akademik, na olim edi. Yaqinda ma’lum bo‘ldiki, KPSS Markazqo‘mining Ishlar boshqarmasi to bizning kunlarimizgacha Stalin, Jdanov, Beriya va ko‘plarning qarindosh-urug‘lariga mashinalardan, dala hovlilardan, maxsus oziq-ovqat ta’minotidan va maxsus xizmatlarning boshqa turlaridan bemalol foydalanishlariga yo‘l qo‘yib kelgan. Holbuki, bular siyosiy maqsadlarda elu yurt oddida jallod va qotil deb tan olingan edi. Nomenklatura saltanatining o‘z qonunlari va o‘z an’analari bor.)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:15:34
Shak-shubhasiz, bu g‘alaba edi, ammo u to‘la va uzil-kesil emasdi. Mamlakat juda teran iqtisodiy va siyosiy tanazzul holatida edi. Ta’minotdagi uzilishlar va uzundan-uzoq navbatlar, hatto, Moskvada ham tez-tez ro‘y berib turardi. Faqat urush yo‘lida ishlayotgan sanoat o‘z dumini o‘zi tishlab olgan ilonga o‘xshardi va u davlat iqtisodiyotidan istisno qilingan edi. Raketalarni loyihalashdan boshlab oltin ishlab chiqarishgacha bo‘lgan hamma qatlamlardagi qullar mehnati mutlaqo samarali emas ekan. O’zlarini zo‘r iqtisodchi deb hisoblab yurgan partiya mafkurachilari buni ko‘rib, rosa hang-mang bo‘lib qolishdi. Mamlakatda to‘lov defitsiti borgan sari kuchayib bormoqda edi. Bu jahannam qa’riga Stalinning tevaragiga tikanli sim o‘ralgan imperiyasi qulab tushishi hech gap emasdi. Bundan ham yomoni shunda ediki, dohiy bilan uning nomenklaturasi bir-biridan to‘yib ketgani, hatto, tashqaridan qaragan odamga ham ayon bo‘lib qolgan edi.

Ammo Stalin, yaqindagina o‘zi ishonch hosil qilganiday, nomenklaturani mahv etishga qodir bo‘lmasa, nomenklatura Yejov to‘dasidan qolgan badanidagi jarohatlarini yalab-yulqab, dohiyni almashtirishga yana bir urinib ko‘rishi mumkin edi. Bu gal urinish muvaffaqiyatli chiqishi hech gap emasdi. Rossiya imperiyasining qabri ustida barpo etilgan Stalin imperiyasi binosining sirtidagi soxta jimjimador-ulug‘vor pardoz ko‘chib, uqalanib tusha boshlagan edi.

Uning tagidan ko‘rinib qolgan qing‘ir-qiyshiq g‘isht qatorlari sochilib ketay-sochilib ketay deb turardi. Chunki bu g‘ishtlarni terishda sement aralashmasi emas, insonlarning qoni ishlatilgandi. Uni saqlab qolish chorasini topish kerak edi. Yana Lenin uslubi qo‘l keldi — unga binoan siyosiy tanazzullar davrida, biror yangi talon boshlanardi va hamkorlar bu talondan ilhomlanib, dohiy atrofiga birlashardilar. Stalin umumovrupo miqyosida, keyinchalik esa butun jahon miqyosida bosqichma-bosqich davom etadigan tanazzul rejasini ishlab chiqdi. Bu reja uning nazarida, albatta, o‘ngidan kelishi kerak edi, chunki u o‘z siyosati harakatga keltiradigan muzyorar kema sifatida haddan ziyod ehtirosga beriladigan va ashaddiy urishqoq Adolf Gitlerdan foydalanishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi. Paydo bo‘lgan istiqbolni ko‘rib, Stalinning tevaragidagilar lol qolishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:15:56
Yirik Ovrupo davlatlari o‘zaro nizolar va hal qilib bo‘lmaydigan ziddiyatlar iskanjasiga tushib qolishgan edi. Ular sillalari qurib, o‘z-o‘zlarini mahv etsalar, bu Stalin armiyasi uchun zaiflashgan va himoyasiz qolgan Ovrupoga yo‘l ochib berardi. Bu esa imperializm davrida urushlarning muqarrarligi haqidagi Leninning karomatini tasdiqlashga imkon berar va shiddatkor hamda samarali harbiy hujum yo‘li bilan «butun jahon proletar inqilobi»ni amalga oshirishga dalda berardi. Buni bo‘lar-bo‘lmas markscha-lenincha markazlarsiz ham amalga oshirsa bo‘lardi.

Istiqbol chindan ham porloq edi. Allaqachon o‘lib bo‘lgan va qo‘lansa hidi ko‘pdan beri butun dunyoga tarqala boshlagan mafkuraviy aqidalarni tasdiqlashdan boshqa yana bir go‘zal imkoniyat paydo bo‘lardi: mamlakatdagi ahvolni ancha barqaror qilish, xalqni yanada laqillatish, hamisha norozi bo‘lib nolib yuradigan hamkorlarni o‘z tevaragiga jipslashtirish mumkin bo‘lardi; ommaviy qotilliklar va qashshoqliklar urush hisobiga o‘tkazib yuborilardi, qullar mehnatining zarurligi, haddan ziyod qattiq qonunlarning kerakligi asoslanardi. Atlantika sari g’olibona yurish o‘tmishdagi, hozirgi va bo‘lg‘usi jinoyatlar uchun javobgarlikdan ancha-muncha xalos etardi.

Tashqi siyosat bobidagi o‘tmishdagi jamiki yo‘l-yo‘riqlarni oyoq osti qilgan Stalin davlat kemasini keskin burib, Gitlerga yaqinlashish siyosatini yurita boshladi. U Ovrupo bo‘ylab shaxdam qadam tashlayotgan fyurerning orqasidan safga turib olishni, o‘z ulushini qo‘ldan chiqarmaslikni, fursati kelganda esa, o‘zining beqiyos sadoqati bilan sherigining hushyorligini bo‘shashtirib, orqasidan pichoq sanchib qolishni niyat qilgandi. Shunday qilsa, uning o‘zini majaqlab tashlab, zo‘r g‘alabalarining samaralaridan foydalanish mumkin bo‘lardi, qonga botgan va vayron bo‘lgan Ovrupo o‘ljaga qolardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:16:30
Yana nomenklaturaning shodligi cheksiz. Chunki u Lenin zamonlaridanoq ma’naviy jihatdan bu narsaga tayyor bo‘lib kelgan: Ilohning o‘zi (yoxud tarixiy rivojlanishning markscha-lenincha qonunlari) ularning qismatini belgilab bergan. Bu qismatga ko‘ra nomenklatura butun dunyoni bahaybat birodarlik qabristoni ustiga qurilgan hududsiz bir qamoqxonaga aylantirib, uning ustidan hukmronlik qilishi kerak.

O’zining ilohiy donoligiga va haddan ziyod makkorligiga ishongan chalamulla dohiy mamlakatni shaxdam qadamlar bilan boshi berk ko‘cha tomon olib borardi. Buning oqibatida xalq shunday bir tuzoqqa ilindiki, hozir ham sho‘rlik mamlakatimiz bo‘lak-bo‘laklarga bo‘linib ketib, tuzoqdan xalos bo‘lolmay ingrab yotibdi.

Xalqaro mojarolarning murakkab tor ko‘chalari bo‘ylab sanqib yurar ekan, Stalin chin yurakdan katta ishlarni qilyapman, deb o‘ylardi. Holbuki, u boshqa qudratli va faol kuchlar qo‘lida bir qo‘g‘irchoq edi, xolos. Bu kuchlarning go‘daklikdagi «inga»sini Lenin adashib o‘lim oldidagi fig‘on deb o‘ylagan edi. Stalin o‘zining Gitler bilan olishuvi allaqachon boshqa qudratli kuchlar tomonidan rejalashtirib qo‘yilganini xayoliga ham keltirolmas edi. Bu kuchlar ham jahonga xo‘jayinlik qilishni bosh maqsad deb bilar, faqat bu xo‘jayinlik iqtisodiy xo‘jayinlik bo‘lishi kerak edi. Iqtisodiy hukmronlik usullari qarshisida avvalgi harbiy va mafkuraviy usullarning hammasi eskirib, xira tortib, samaradorligini yo‘qotib qo‘ygandi.

Bu reja avvaliga harbiy omilning iqtisodiy omildan ustun bo‘lishini nazarda tutardi, ammo sekin-asta harbiy omil kamayib borishi, bora-bora o‘rnini juda keng ko‘lamdagi iqtisodiy hujumga bo‘shatib berishi kerak edi. Reja taxminan yuz yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar bilan Ovruponi iqtisodiy birlashtirishni ko‘zda tutardi. Rejaga ko‘ra, boshda Ovrupo va ayniqsa, Germaniya iqtisodiy jihatdan juda zaiflashmog‘i kerak edi, shundan keyingina yangi namunalar asosida qayta tiklanardi. Shu bilan birga rejada majburiy shart sifatida Britaniya imperiyasining uzil-kesil vayron bo‘lishi va jamiki eskirgan mustamlakachilik tuzumining yemirilishi nazarga olingandi. Rossiya masalasiga kelsak, Gitler bilan kelajakda bo‘lg‘usi jangda Rossiyaga ajratilgan roldan tashqari yana bir narsa nazarda tugalgan edi: Rossiya butunlay yakkalanib qo‘yilishi kerak edi. Keyin esa uning urishqoqligi zo‘rma-zo‘raki tarzda qo‘llab-quvvatlanib turilmog‘i shart. Shunday qilinsa, «rus xavfi» qarshisida qolgan dunyo jipslashishga majbur bo‘ladi. Reja mualliflarining o‘ylashicha, iqtisodiy va madaniy jihatdan yakkalab qo‘yilgan Rossiya boshqa dunyodan shu darajada orqada qolib ketadiki, ertami-kechmi (balki asr oxirida) so‘zsiz taslim bo‘lishga majbur bo‘ladi. Unga harbiy tazyiq o‘tkazishga hojat qolmaydi, chunki u iqtisodiy istiloga bardosh berolmaydi. O’z-o‘zidan ayon-ki, bunaqa rejada hodisalarning haqiqiy rivojidagi hamma narsani nazarda tutib bo‘lmaydi. Uni rivojlanish jarayonida yo‘l-yo‘lakay tuzatib, aniqlab borish talab etiladi. Yana shunisi ayonki, Iosif Vissarionovich Stalindek jo‘n va chalasavod davlat arbobi bunday reja uchun xuddi Gitler kabi koni topildiq edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:16:56
Kimda-kim bizning ruscha tafakkurimiz qoliplaridan kelib chiqib, bu reja faqat bir nusxada mavjud bo‘lgan edi, uning muqovasida maxfiyligi to‘g‘risidagi aql bovar qiladigan va qilmaydigan muhrlardan tangadek bo‘sh joy qolmagandi, o‘tgan 60 yil mobaynida bu reja bilan AQSh Prezidentidan yoxud «juhud massonlar»ning Ulug‘ Me’moridan pastroq rutbadagi bironta odam tanisha olmagan deb o‘ylasa, qattiq xato qiladi. Bu reja haqida hozirga qadar Amerika gazetalari ochiq va bamaylixotir yozishadi. Bu rejani AQSh kongressining byudjet komissiyasi barpo etgan. 1938 yilda bu komissiya mudofaa uchun xarajatlarni keskin ko‘paytirish imkoniyatlarini muhokama qilar ekan, shunday xulosaga keladi: «Ovrupodagi va Butun Ovrupo qit’asidagi vaziyat Qo‘shma Shtatlar hukumatiga jahon tanazzulining darajasini o‘z bilganicha boshqarib turishga g‘oyat noyob imkoniyat beradi. Buning uchun qurolli kuchlarga sarflanadigan xarajatlarni keskin ko‘paytirish shart emas, soliq to‘lovchilarning zimmasiga ortiqcha yuk ortish talab qilinmaydi. Buning uchun hukumat o‘z ixtiyoridagi moliyaviy mablag‘larni oqilona ko‘chirish tadorikini ko‘rsa bas. Shunday iqtisodiy istiloni amalga oshirmoq uchun ixtiyorimizdagi qurolli kuchlar bemalol kifoya qiladi».

Ammo byudjet komissiyasining xulosasiga «ishbilarmonlar Amerikasi» qo‘shilmadi. «Uoll-strit Jornel» 1939 yil iyulida tahririyat maqolasida shunday yozgandi: «Har million dollarni uch kishi — bitta dengizchi, bitta uchuvchi va bitta soldat qo‘riqlamog‘i kerak. Iqtisodiy istilo rejasi har qancha jozibador bo‘lmasin, uni bir yuzu yigirma ming kishilik qo‘g‘irchoq armiyamiz bilan amalga oshiramiz deb o‘ylashning o‘zi kulgilidir. Jahondagi hodisalarning shiddatli rivoji esa shundan dalolat bermoqdaki, bu hodisalar ketidan ulgurib yurmog‘imiz uchun ixtiyorimizdagi fursat juda kam. Dollar har qancha shiddatkor bo‘lmasin, vaqt undan ko‘ra shiddatliroq...»

Haqiqatan ham vaqt juda tez o‘tib borardi. 1944 yilning sentyabrida «Chikago Geralts Tribun» gazetasi mamnuniyat bilan qayd qildi: «Bugun o‘n minglab kemalarimiz va samolyotlarimiz ko‘p millionli armiyamizning frontdagi shiddatli hujumini ta’minladi. Bu front Normandiya, Afrika va Italiyadan Filippin va Okinavagacha butun kurrai zaminni qamrab oladi. Bugun biz ko‘lami va mahorat bilan bajarilishi jihatidan shu paytgacha dunyo ko‘rmagan harbiy operatsiyalarning guvohi bo‘lib turibmiz. Shunday fursatda biz insoniyat tarixidagi eng qudratli va eng samarador harbiy mashinani qanday maqsadda barpo etganimizni anglamog‘imiz kerak. 1911 yildayoq Prezident Taft «kemalar diplomatiyasi» «dollar diplomatiyasiga» yo‘lni bo‘shatib berib, o‘tmishga chekinyapti, deb ogohlantirgan edi». «Dollar bizning dushmanlarimizni miltig‘u zambaraklardan ko‘ra ko‘proq yiqitadi va shu bilan bizning ulug‘ respublikamizga butun dunyoda hukmron bo‘lishga yo‘l ochadi. Bunaqa hukmronlik Napoleonning tushiga ham kirgan emas. Hozir, Germaniya va Yaponiyaning halokati muqarrar bo‘lib qolganida, bahaybat Rossiya xarobalar ichida qonga botib yotganida, biz komil ishonch bilan: «Dollarning hukmronlik fursati keldi», - deb ayta olamiz» .
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:17:24
Bunga o‘xshash matn parchalarini behisob keltirish mumkin. Mana sizga yana bitta matn bo‘lagi. U «Krischen sayens monitar» gazetasining 1989 yil 15 avgust sonidan olingan: «Sovet Ittifoqiga qarshi ulug‘ dollar hujumi muvaffaqiyat bilan rivojlanib bormoqda. 30 mingta yadroli raketa va texnika jihatidan bekamu ko‘st qurollangan dunyodagi eng katta armiya to‘siq bilmaydigan dollardan o‘z mamlakatining hududini himoya qila olmadi. Dollar rus sanoatining yarmini mahv etib bo‘ldi, kommunistik mafkuraga zarba berdi va sovet jamiyatini ichdan yemirdi. SSSRning ortiq qarshilik ko‘rsatishga holi qolmadi va mutaxassislar yaqin ikki-uch yil ichida uning butunlay yemirilajagini aytishmoqda... Biz esa o‘sha prezident Taft qoralab bergan, prezident Ruzvelt jilolab oxiriga yetkazgan va hamma Amerika prezidentlari muntazam amalga oshirgan ulug‘ rejamizga yana bir karra tan bermog‘imiz kerak. Bu reja yuz yilga mo‘ljallangan edi, biz esa uni ellik yidda amalga oshirdik».

Moskvadagilarning bundan xabari bormidi? Ha, albatta. Ammo unga hech qancha ahamiyat bermay, kulib qo‘ya qolishganmidi? Yo‘q, unaqa bo‘lgan emas. Aksincha, amerikaliklarning bu kirdikorlariga juda jiddiy qarashgan, lekin yetarli tushunishgan emas. Stalin Marshall rejasidan qanaqa dahshat bilan yuz o‘girganini eslang. «Sovuq urush»ning avj pallasida biz Qo‘shma Shtatlardan ham ko‘proq «Uoll-strit» korchalonlariga qarshi kurashganimizni eslang. O’sha paytlardagi sovet gazetalarini varaqlab ko‘rsak, amin bo‘lamiz-ki, ayni «Uoll-strit» butun dunyoda xo‘jayin bo‘lishga va hamma jahon xalqlarini o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qilgan. Stalin jahon iqtisodiyoti borasidagi chalamullaligiga qaramasdan xatarni yaxshi anglagan va bor kuchi bilan unga qarshi kurashishga intilgan. Ammo Bismark aytganidek, siyosatdagi xatolar sil kasalligiga o‘xshaydi — davolab bo‘ladigan paytda ular hali sezilmaydi, yuzaga chiqib seziladigan bo‘lganida davolab bo‘lmaydi.

Stalin o‘zining hisob-kitoblarida butunlay chalkashib ketdi. Nafaqat bo‘lg‘usi dushmanlari, balki bo‘lg‘usi ittifoqchilari ham uni yolg‘on axborotlarga ko‘mib tashladi. Kalavasining uchini yo‘qotib qo‘ygan Stalin mamlakatni qo‘qqisdan qilingan hujumga tutib berdi va yana bir karra uni butunlay mahv qilishga sal qoldi. Qisqa bir muddat ichida bu sho‘rlik mamlakat boshiga shuncha falokatlar yog‘ildi. Hammayoqni kuydirib jizg‘inak qiluvchi nemis hujumi Moskvagacha, Volgagacha, Kavkazgacha yetib bordi, uning o‘rniga boshlangan qarshi hujum ham hamma narsani kuydirib jizg‘inak qilishda nemis hujumidan qolishgani yo‘q. Talangan, vayron qilingan, yaralaridan qoni sirqib turgan och mamlakat ustidan bahaybat taqdir toshi yana bir marta ezg‘ilab o‘tdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:18:34
26 million odam qurbon bo‘ldi, minglab shaharlar yer bilan yakson qilindi, qanchadan-qancha qishloqlarning kuli ko‘kka sovurildi, o‘n minglab sanoat korxonalari yo‘q qilindi, hududsiz, bepoyon qishloq xo‘jalik rayonlari kimsasiz huvillab qoldi, yuz minglab kilometr temir yo‘l majaqlab tashlandi. Bevosita yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion 500 milliard so‘mni tashkil qiladi, harbiy xarajatlarga oltin hisobida 3 trillion so‘m sarflangan. Millionlab odamlar mayib, boshpanasiz, muhojir bo‘lib qolgan. Navbatdagi milliy halokat uchun Reyxstag ustiga qo‘ndirilgan G’alaba bayrog‘idan va Sharqiy Ovrupo mamlakatlarining bosib olinganidan jinday tasalli topish mumkin edi, ammo bular ham yangi-yangi muammolarni tug‘dirdi. Ular hal qilish qiyin bo‘lgan yanada dahshatliroq jumboqlar edi. (Germaniyaning Sovet Ittifoqiga hujumi bilan bog‘liq quyidagi voqea e’tiborga loyiq. Jamiki oltin, platina va qimmatbaho toshlarni davlat qo‘lida to‘plash haqidagi Stalin tomonidan qo‘yilgan vazifa g‘ayrat bilan bajarilmoqda edi. Qidirishlar jug‘rofiyasi borgan sari kengayib borardi. Agar Rossiyaning o‘zida va Ukrainada biron tilla soatmi yoki tilla tishlarni topish ilinjida 30-yillarning o‘rtasiga kelganda, hamma go‘rlar va qabrlar qayta qazilib, titkilab ko‘rilib bo‘lingan bo‘lsa, O’rta Osiyo respublikalari hududlarida bunga o‘xshash tadbirlar vaqti-soati kelguncha o‘tkazilmagan edi. Shariat qonunlariga qo‘ra qabristonlarni oyoq osti qilish, sag‘analarni tahqirlash eng og‘ir jinoyat sanalardi. O’rta Osiyoda 20-yillarning boshidayoq lovillab yongan ozodlik urushi hech to‘xtamay davom etib turgani va 1939 yilga kelibgina bostirilgani uchun Stalinni ham, uning joylardagi malaylarini ham mahalliy aholining g‘azabini qo‘zitmaslik uchun ortiqcha bahona-yu sabablar bermaslik kerakligiga aqllari yetdi. Keyinroq esa O’rta Osiyodagi muqaddas qadamjolarga ham navbat yetib keldi. Nomenklaturaning ochofat nigohini, ayniqsa Samarqanddagi Amir Temurning ulug‘vor va go‘zal sag‘anasi jalb qilar edi.

Rivoyatlarga ko‘ra, ulug‘ jahongir Amir Temur o‘z yurishlari davomida behisob xazinalarni qo‘lga kiritgan. Arxiv hujjatlari ham buni tasdiqlaydi. Emishki, Sohibqiron ularning ko‘p qismini o‘zi bilan sag‘anaga qo‘shib ko‘mishni buyurgan. 1941 yilning may oyida Moskva NKVDsining katta otryadi Leningrad Ermitajining mutaxassis xodimlari hamrohligida sag‘anani ochib ko‘rish uchun Samarqandga kelgan. Yodgorlikning shayxi sakson yoshli Mas’ud Alaev dahshatga tushib, kelgindilarga 1405 yilda, ya’ni Sohibqiron Temur vafot etgan yili sag‘anaga o‘yib yozilgan qadimiy yozuvni ko‘rsatgan. Bu yozuvda kimda-kim qudratli hukmdorning ruhini bezovta qilishga jur’at etib, sag‘anani ochadigan bo‘lsa, o‘z mamlakatining boshiga qonli urush balosini keltiradi deb ogohlantirilgan ekan. Har ehtimolga qarshi, baloga qolmaslik uchun bu to‘g‘rida Moskvaga xabar qilishadi. U yerdan darhol buyruq beriladi: yolg’on ovozalar va vahima gaplar tarqatgani uchun Alaev qamoqqa olinsin va sag‘ana zudlik bilan ochilsin. 1941 yil 19 iyun quni Temur qabri ustiga qo‘yilgan yashil nefrit tosh qo‘tariladi. Bu to‘g‘rida TASS axboroti butun dunyoga jar soladi. Axborotda istehzo bilan aytilgan shunday gaplar ham bor: «Hozirga qadar yashab kelgan rivoyatda aytilishicha, sag‘ana ichida qiron keltiruvchi dahshatli urush arvohlari yashar emish. Ularni erkinlikka chiqarib yuborish mumkin emas» emish. Bu axborotni juda ko‘p gazetalar e’lon qilgan edi. Shu jumladan, «Leningradskaya pravda» gazetasi ham 1941 yil 21 iyun sonida uni bosgan. Bu rivoyatning to‘g‘ri chiqib qolgani g‘alati. Harholda, oltin izlab yurganda hamma vaqt ehtiyot bo‘lish va me’yoridan chiqmaslik kerak. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas degan gap bor...)

Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:19:24
Gitlerning SSSRga qo‘qqisdan hujum qilishi gangib qolgan Stalinni Qo‘shma Shtatlar va Angliya quchog‘iga tashlanishga majbur qildi. Ular «Gitlerga qarshi ittifoqchilar koalitsiyasi»ni tuzishgandi. Bu niyat avvaldan bo‘lgan edi, faqat unga Stalinning aloqasi yo‘q edi. (1941 yilning mayida Amerika shahri San-Diegoda harbiy dengiz qurilishi masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘ldi. Seminar AQSh floti buyurtmalari bilan bog‘liq yirik kontsernlarning rahbarlari tomonidan uyushtirilgan edi. Bu seminarda Tinch okean floti qo‘mondoni lavozimini yaqindagina tark etgan admiral Richardson katta ma’ruza qildi. Rasman ma’ruzaning mavzui flotning harbiy dengiz bazalari tizimini tezroq zamonaviylashtirish zarurligi haqida bo‘lishi kerak edi. Ammo buning o‘rniga admiral xalqaro ahvol haqida ma’ruza qildi. U zarracha shak-shubhaga bormay, yaqin o‘rtada Gitler bilan Stalin o‘rtasida olishuv boshlanishini ma’lum qildi, keyin admiral Richardson kelgusida voqealar qanday rivojlanishini nazariy tahlil qiddi. «Shubha yo‘qki, — dedi u, — kimki birinchi bo‘lib hujum boshlasa, o‘sha yirik muvaffaqiyatlarga erishadi, chunki Vermaxt ham, Qizil Armiya ham yashin tezligidagi urush goyasi asosida o‘rgatilgan. Mudofaa janglarini ular yoqtirish bir yoqda tursin, umuman, bilmaydi. Bundan ikkita savol kelib chiqadi: bizning rejalarimizga qay biri qo‘proq muvofiq kelarkin - birinchi yurishni Gitler qilgani tuzukmi yoxud uni mister Stalin boshlab bergani ma’qulmi?.. Masala juda oson hal bo‘ladi. Ovrupo xaritasiga bir nigoh tashlasangiz kifoya — amin bo‘lasizki, agar Stalin qo‘qqisdan o‘zining 200 diviziyasini va 10 ming tankini (admiral Stalinning kuchlarini ancha kamaytirib aytgan — I. B.) Gitlerning ustiga tashlasa, Vermaxt majaqlab tashlanadi va oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas Stalinning armiyasi Kanal bo‘ylarida va Jabalitariq sohillarida bo‘ladi. Agar bordi-yu, Gitler oldin boshlasa, ikki oydan so‘ng uning qo‘shini qaerda bo‘lishi yolg‘iz Xudoning o‘ziga ma’lum, chunki uning Rossiya kengliklarida chuvalanib qolishi muqarrar. Unda Gitlerni o‘z mamlakatidan haydab chiqarish uchun Stalin juda ko‘p vaqt sarflashga majbur bo‘ladi. Voqealarning bunday rivoji natijasida urushdagi tashabbus Gitlerning ham, Stalinning ham qo‘lidan ketadi va muqarrar tarzda boshqa erkinroq va faolroq kuchning qo‘liga o‘tadi. Ruslar bilan nemislar o‘zaro olishib horigach, butun dunyoning ahvoli ana shu uchinchi quchga qarab qoladi. Shunday bo‘lgach, janoblar, birinchi yurish qilish huquqini Gitlerga beraylik». Bu vaqtga kelganda admiral xususiy shaxs edi, shuning uchun nimani xohlasa gapiraverardi. Ammo seminarda ishtirok etgan Harbiy Dengiz kuchlari ministri Noks o‘z nutqining boshida shunday degan: «Admiral Richardson bizlar («bizlar» degani kim bo‘lsaykin? Ruzvelt hukumatimi? — I. B.) dunyodagi hodisalarning keyingi rivojidan nimalar kutayotganimizni juda aniq qilib bayon etib berdi».

Shunday qilib, Gitler birinchi bo‘lib boshladi.)

Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:20:16
Rossiyaning bepoyon kengliklarida Vermaxt bilan Qizil Armiya qismlari o‘rtasidagi uzluksiz qonli janglarda bir-birining ta’zirini berish bilan band ekan, Qo‘shma Shtatlar Perl-Xarborda o‘zining eskirgan linkorlarini yapon bombalariga ro‘para qilib, osongina Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilib oldilar va bu urushda o‘zlarining jahonshumul rejalarini nazarda tutgan holda o‘zlari ishlab chiqqan ssenariyga mos tarzda jang qila boshladilar.

Albatta, shuni unutish kerak emaski, urushda ham, siyosatda ham hali hech kim hech qachon o‘ylagan rejalarini, hatto, eng qulay sharoit mavjud bo‘lganda ham yuz foiz amalga oshirolgan emas. Amerikaliklar ham bunga muvaffaq bo‘lolmadilar. Ammo ular o‘ylagan niyatlarini taxminan 60 foizini amalga oshirdilar. Britaniya imperiyasi nihoyasiga yetdi — Amerikaning harbiy quvvati qarshisida u quladi. Yapon imperiyasi chok-chokidan so‘kilib ketdi va ko‘p o‘tmay u ham hayotdan ko‘z yumdi. Oradan ko‘p o‘tmay Fransiya imperiyasi ham barham topdi. Tahlikaga tushgan, sillasi qurigan Ovrupo go‘yo bemor boladek, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirab, qudratli Amerikaning pinjiga suqildi. Ovrupo okean ortidagi ulug‘ respublika timsolida o‘zining tezgina o‘nglanishi va kelgusidagi xavfsizligiga kafil bo‘la oladigan yagona davlatni ko‘rgan edi. Tinch, Atlantik va Hind okeanlarining bepoyon hududlarida Amerika floti hamma narsani o‘z nazoratiga olgandi. Ovrupoda, Afrikada va Osiyoda Amerika armiyasi juda katta hududlarni istilo etgandi. Hamma qit’alardagi harbiy bazalar bo‘g‘ma ilonning halqalaridek butun kurrai zaminni o‘rab olgandi. Bularning hammasiga bor-yo‘g‘i 400 ming kishini qurbon berib va atigi 535 milliard dollar xarjlab erishilgan edi. Qulagan va yemirilgan imperiyalar, yer yuzidan supurib tashlangan mamlakatlar va vayron bo‘lgan shaharlar o‘rnida paydo bo‘lgan bo‘shliqqa esa dollar yopirilib kirdi. Dollar urushning qonli yaralariga malham bo‘lib, butun jahon miqyosida to‘la xo‘jayinlikka erishish yo‘lidagi navbatdagi qadamga mustahkam zamin yaratdi. Erishilgan muvaffaqiyatlarning barqarorligi uchun kafolat sifatida urushning so‘ngida Xirosima va Nagasaki ustiga tashlangan atom bombalarining tutuni ko‘kka o‘rladi.

Agar urushda berilgan dahshatli talafotlarni va yana bir marta ildizlarigacha xarob bo‘lgan mamlakatni hisobga olmaganda, Stalin o‘zining urush arafasidagi rejalarini kamida ellik foizga bajardim deb hisoblash uchun hamma asosga ega edi. Germaniyaning naqd yarmi, Polsha, Chexoslovakiya, Vengriya, Ruminiya, Yugoslaviya, Koreyaning shimoliy qismi nafaqat sovet qo‘shinlari tomonidan bosib olindi, sovetlarning ta’sir doirasi sifatida Potsdam konferentsiyasi qarorlari bilan huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi ham. Fursatni boy bermay, u yerlarda kommunistik tartiblar o‘rnatildi. Bu davlatlarning boshiga Stalin urush arafasidagi tozalashlarda omon qolgan yoxud hamma xalqlar dohiysi tomonidan zarur paytda ish berib qoladi degan maqsadda atayin saqlab kelingan eski baynalmilalchilarni qo‘ydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:21:28
Sharqiy Ovruponi Stalinning qo‘liga tutqazar ekan, amerikaliklar o‘sha vaqtdayoq unga asta harakat qiluvchi mina sifatida qarashgan edi. U portlagach, Sovet Ittifoqini ham kunpayakun qilmog‘i kerak edi. Bu navbatdagi puxta o‘ylangan tadbir edi.

Ammo Iosif Vissarionovich haddan ziyod o‘ziga bino qo‘ygan ittifoqchilarni kutilmagan sovg‘a bilan hang-mang qildi — kommunistlar Xitoyda hokimiyatni qo‘lga oldi, bu esa Stalin bayrog‘i ostiga behisob odam to‘plash degan so‘z edi. Bu ham mayli-ya, Pekindan kommunistik illat shitob bilan avval Janubiy-Sharqiy Osiyoga, keyin esa undan ham nari - Hindiston, Yaqin Sharq mamlakatlari va Amerikaga tarqala boshladi. Eronda, Turkiyada, Gretsiyada kommunistik g‘alayonlar boshlandi. Bu amerikaliklar uchun kutilmagan hol edi. Stalinning qo‘lida vaqtincha yadro qurolining yo‘qligigina amerikaliklarga bu mamlakatlardagi ahvolni barqarorlashtirish imkonini berdi va Qizil Armiyani Shimoliy Erondan chiqib ketishga majbur qildi.

Ammo ular shu ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib turishganida, kommunistlar Albaniyada hokimiyatni egallashdi. Shu bilan Bolqonning ko‘p qismidagi hokimiyat Stalin qo‘liga o‘tdi va unga O’rta dengizga chiqishga yo‘l ochildi. Urush vaqtida olamshumul hujum operatsiyalari o‘tkazib mazaxo‘rak bo‘lib qolgan Amerika generallari og‘izlaridan ko‘pik sachratib, hukumatlariga SSSRning «jilovini tortib qo‘yish» zarurligini isbot qila boshladilar. Hozircha atom quroli faqat Amerikada bor, shunday ekan, uni darhol SSSRga qarshi qo‘llamoq kerak. Prezident Trumenga batafsil ishlab chiqilgan rejani peshkash qilishdi. Unda SSSR hududidagi atom bombasi tashlanishi kerak bo‘lgan shaharlar qayd qilingan, Ittifoqning o‘zi esa bosib olinishi shart bo‘lgan bo‘laklarga bo‘lingan edi. Har qanday mamlakatda generallar shunday bir qudrat kasb etadiki, ular bilan hisoblashmaslik mumkin bo‘lmay qoladi va ularning tazyiqini to‘xtatish juda qiyin kechadi. Ammo bu gal generallar talab qilayotgan narsa avvaldan ishlab qo‘yilgan «dollar hujumi» rejasiga juda xilof edi, shuning uchun Stalinga razvedka yo‘li bilan atom qurolining sirini yetkazib, generallarning popugini bir oz pasaytirib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. (Atom quroli tevaragidagi josuslik mojarosi juda qorong‘i. Hozir ma’lumki, atom sirlarini izlagan sovet josuslarining hammasi amerikaliklarga oshkor bo‘lgan ekan, ularning ishi nima bilan tugashini kutib, anchagacha hech kimga tegmagan ekanlar. Faqat SSSR o‘zida atom bombasi bor ekani haqida rasmiy axborot e’lon qilingandan keyingina kutilmaganda deyarli hammalarini qamoqqa olishgan. Mashhur Abelning guruhi boshdan-oyoq FRB va harbiy kontrrazvedka xodimlaridan iborat bo‘lgan. Ular Abelning aloqachilari bo‘lib ishlab, atom qurolining hamma sirlarini SSSRga ma’lum qilishgan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, demak bunga o‘xshagan qaror juda yuqori doiralarda qabul qilingan.) Dunyo bir tomonga og‘ib ketmasligi uchun tarozining shaynini hamma vaqt baravar tutmoq kerak.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:25:02
Ammo Amerika generallari hamma muammolarni strategik operatsiyalar yordamida hal qilishga ishtiyoqmand bo‘lib qolgan ekanlar. Stalin ham 1945 yilga kelib juda katta qudrat kasb etgan harbiy mashinasiga rosa mahliyo edi. Stalin hech qachon armiyada xizmat qilgan emasdi — 1915 yidda tibbiy komissiya uni «yaramaydi»ga chiqargan edi. Ammo u o‘zining harbiy faoliyatini bir yo‘la marshallikdan boshladi va ikki-uch yil o‘tmay Franko va Chan-Kay Shi kabi generalissimus bo‘lib oldi. Urushdan u 30-yillardagi, ya’ni o‘zining mashhur Ovrupo ustiga yurishini tayyorlayotgan kezlaridagiga qaraganda yanada battarroq jangari bo‘lib chiqdi. «Biz harbiy odamlarmiz, — dedi u feldmarshal Montgomerining yelkasiga qoqib, — harbiy odamlar sifatida bir-birimizni yaxshi tushunamiz».

Ko‘pchilik Stalin urushdan keyin ashaddiy urishqoq bo‘lib qolgan deb o‘ylaydi. Kunlarning birida Garriman unga «Ovrupodagi eng qudratli davlat Vatikandir» degan ekan, Stalin istehzo bilan jilmayib undan so‘rabdi: «Vatikanning qancha tank diviziyasi bor?» Shunday bir taassurot tug‘ilgandiki, butun dunyoga hukmdor bo‘lish dardiga yo‘liqqan Stalin chindan ham mamlakatlarning quvvati va ta’sirini faqat tanklaru boshqa qurol miqdori bilan hisoblardi.

Ammo bu uncha to‘g‘ri emas edi.

Urush, uning dastlabki ikki yilida muttasil harbiy halokatni kutib yashash, Cherchill, Ruzvelt va Ovrupo hamda Amerikaning boshqa davlat arboblari, sarkardalari bilan muloqot Stalinni juda o‘zgartirib yuborgan edi. Shu tufayli u urush arafalarida mutlaqo aqli yetmagan ko‘pgina narsalarni tushunish imkoniga ega bo‘ldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:25:27
Urushga qadar Stalin haqiqatan ham hamma narsani harbiy kuchlarning qudrati bilan o‘lchardi. Rivoyatlarga ko‘ra, Richard III taxtga da’vogar raqiblarining shakl-shamoyilini mumdan yasar ekan-da, ularni o‘ldirib, birin-birin o‘choqqa uloqtirib, shundan huzurlanar ekan. Stalin ham ana shu Richardga o‘xshab o‘zining shakl-shamoyilini borgan sari taxtga yaqinroq surar ekan, urush arafalarida o‘zi emas, boshqalar tomonidan majaqlangan polyak, fransuz, golland, belgiya, norveg, yugoslav, grek kabi Ovrupo armiyalarini «o‘choqqa qalab» huzurlangan. Mana, Ovrupoda nemisnikidan boshqa hech qanday armiya qolmadi. Uni bir yoqli qilsa bas — butun Ovrupo dum bergan qovunday uning qo‘liga o‘tadi-qo‘yadi. Uning nazarida ingliz armiyasini e’tiborga olmasa ham bo‘laveradi. Amerika armiyasini ham. Negaki, inglizlar bilan amerikaliklar o‘zlarining linkor-pinkorlari bilan uning rejalariga xalal berolmaydi.

Ammo bunday bo‘lib chiqmadi.

Biror samara chiqadiganday bo‘lganda esa uning qarshisida o‘n besh millionli Amerika armiyasi namoyon bo‘ldi. U juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, qorni to‘q, usti but, navqiron, yana buning ustiga atom bombasi ham bor...

Eng muhimi esa bu armiyaning ixtiyorida benihoya qudratli dollar quroli bor edi. Bu qurol bilan Stalinning xarob bo‘lib yotgan qashshoq imperiyasini bir zumda ilintirish mumkin edi. Stalin buni juda yaxshi tushunardi. Shaqir-shuqur bilan temir parda oraga tushdi. U mamlakatni tashqi dunyodan ajratdi-qo‘ydi, ayni choqda sovet bozorining bokiraligini saqlab, bu yerga dollar kirib kelishining oldini oldi. Qay bir miqdorda valyuta yoxud tilla tangalar saqlashni aholiga man qiladigan yana bir to‘p farmonlar chiqdi. Dunyodagi eng qudratli va eng badavlat davlatga qarshi beqiyos kurash boshlanmoqda edi. «Dollar» rejasidan xabardor bo‘lgani uchun va ehtimolki, masalaning ba’zi bir sof moliyaviy nozik tomonlariga aqli yetmagan Stalin o‘tkir zehni bilan shuni tushundiki, nima qilib bo‘lsa-da, G’arbni imkoni bor qadar ko‘proq dollarini behuda sovurishga majbur etish kerak. Shundagina qudratli valyuta to‘lqinining temir parda orqali yorib o‘tishini yo‘qqa chiqarish, SSSRga tazyiqni bo‘shashtirish va shu bilan vaqtdan yutish mumkin bo‘ladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:25:55
Stalin atom qurolini qo‘lga kiritishga ulgurib-ulgurmay Koreyada urushni boshlab yubordi, bu mashmasha Shimoliy Koreyaning halokati bilan tugashi sezilib qolganda esa, urushga millionlab xitoyliklarni jalb qildi. Xitoyliklar amerikaliklarni ko‘p talafot berishga majbur qilishdi. Ular Janubiy Koreyaning mustaqilligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular har doimdagidek urushda o‘z dushmanlaridan ko‘ra yuz baravar kamroq qurbon berishdi, ammo yuz baravar ko‘proq pul sarflashdi. Moskvada xuddi shunday bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

Biroq, Moskva Koreya mashmashasiga AQShga qaraganda ancha kam pul xarjlagan bo‘lsa, urushdan keyingi xarajatlar aql bovar qilmaydigan darajada ko‘payib borayotgan edi. Markaziy Ovrupoda juda katta armiyalar yuzma-yuz turishar, ular uzluksiz ravishda zamonaviy aslahalar bilan qurollanib borardi. Qo‘rquvdan dahshatga tushgan Ovrupo Amerika tevaragida birlashib, NATO degan mudofaa ittifoqini tuzdi. Bunga javoban Stalin hukmidagi Sharqiy Ovrupo mamlakatlarini Varshava shartnomasiga birlashtirdi. Bunaqa vaziyat Ovrupoda vaqt-vaqti bilan tanazzullar tug‘dirib turardi. Ayniqsa, Stalin kayfiyati buzuq paytlarda G’arbning jangovar tayyorgarligini sinab ko‘rish maqsadida kutilmaganda «yana bir marta G’arbiy Berlinni qamal qilamiz» deganga o‘xshash gapni aytib qolsa, bu hammayoqni alg‘ov-dalg’ov qilib yuborar edi. Sovet qo‘shinlari ishg‘ol qilib turgan joyda havo ko‘prigi orqali Amerika samolyotlari guvillab o‘ta boshlar, chegarada turgan tanklar tahdid bilan zambaraklarini mo‘ljalga to‘g‘rilay boshlar, bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar motorlarini qizitishga kirishar, minglab to‘plar ustidan niqoblovchi g‘iloflar olib tashlanardi. Lekin hech kim o‘t ochmas edi. Hammaning xayolida Xirosima va Nagasaki ruhi hokim edi.

Biroq bunga benihoya katta xarajat sarflanardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:26:29
Garchi Sovet Ittifoqida odatdagidek pul halokatli bir tarzda kamchil bo‘lsa-da, Stalin bu olamshumul nizoda tashabbusni o‘z qo‘liga olishni o‘ylay boshlagan edi. Buning ikkita yo‘li bor edi. Birinchi yo‘li — dushman ustidan juda katta harbiy ustunlikka erishish. Ikkinchisi esa — eski lenincha usullarni qo‘llagan holda dushmanni ichidan qulatish. Buning uchun oshkora, yarim oshkora va yashirin kommunistik partiyalardan qurol sifatida foydalanish kerak. Ular har gal Moskvaga zarur bo‘lganda, G’arb dunyosida ijtimoiy portlashlarni tug‘dirishga qobil bo‘lishlari zarur. Kerak paytda esa, nafaqat ijtimoiy portlashlar, balki haqiqiy portlashlarni ham uyushtirsinlar. Harbiy bazalarda, harbiy kemalarda, hukumat muassasalarida, qolaversa, gavjum ko‘chalarda ham.

Har ikkala yo‘l ham juda katta xarajatlarni talab qilardi.

Juda keng ko‘lamda harbiy kemasozlik dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirila boshlandi. Chunki Amerikaning qudratli dengiz flotini bartaraf etmay turib, jahonga xo‘jayin bo‘laman deb o‘ylashning hojati ham yo‘q edi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining floti urush yillarida namoyish qilgan strategik imkoniyatlar esa Stalinni avvaliga juda qo‘rqitib qo‘ygan edi (hali atom quroliga ega bo‘lmagan chog‘larida dohiy deyarli har kuni amerikaliklar Qrimga desant tushirib qoladi degan xavotirda yashardi), keyin esa dohiy Amerika flotiga taqlid qila boshladi. «Stalingrad»ga o‘xshagan bahaybat linkorlar qanday qurila boshlaganini hozirga qadar tuzukroq izohlab bo‘lmaydi. Yo urushdan keyin barcha xalqlar dohiysi butunlay aqldan ozib qolgan, yo bu bahaybat kemalarda oddiy odamning aqli yetmaydigan allanechuk ma’no bo‘lgan. Negaki, har biri ikki milliard so‘m turadigan linkorlarni urushdan keyingi yillarda qurish xuddi eshkakli kemalar flotini qurishdek behuda narsa edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:26:51
Bir vaqtning o‘zida strategik aviatsiyani barpo etish bo‘yicha ham ish olib borildi. Urush yillarida bunday aviatsiyaning yo‘qligi dohiyni ko‘p asabiylashtirgan edi. Amerika uchar qal’alarining Germaniya va Yaponiya osmonidagi harakatlari tabiatan juda ta’sirchan bo‘lgan o‘rtoq Stalinga o‘z kuchini qattiq ko‘rsatgandi. Har bir havo hujumida minglab samolyotlar ishtirok etar, ularning ko‘pligidan quyosh xira tortgandek bo‘lar, bombalar esa xuddi yomg‘irdek quyilardi. Stalin ham osmonda xuddi shunaqa qudratga ega bo‘lishni ixtiyor etdi va qamoqdan chiqarilgan Tupolevga amerikaliklarnikiga teng keladigan transtrategik bombardimonchi samolyot qurishni buyurdi. Moskva yaqinidagi aerodromga Amerikaning B-29 strategik bombardimonchi samolyoti olib kelindi. Bu samolyot 1944 yilda Xabarovsk yaqinida qo‘nishga majbur bo‘lgan edi. Stalin Tupolevga ana shu samolyotni namuna qilib olishni buyurdi. Dohiyning ishonchini oqlash uchun Tupolev o‘ljadan loyiha oldi-da, nomini «Tu—4» deb o‘zgartirib, ishlab chiqarishga qo‘ydi. Iste’dodli aviaixtirochi nusxa ko‘chirib o‘tirishga vaqt sarflashni istamadi. Uning ixtirochilik bo‘limida Tu—16 reaktiv strategik bombardimonchi samolyoti loyihasi ustida jadal ish olib borilayotgan edi. Tu—16 bilan birga Tu—14 dengiz samolyoti ustida ham ish ketmoqda edi. Boshqa ixtirochilik bo‘limlari ham ortda qolgani yo‘q. Myatishchevning strategik bombardimonchi samolyoti sinovdan o‘ta boshladi, birinchi reaktiv MIGlar esa Koreya osmonida Amerikaning «Seybr» samolyotlari bilan havo janglarida allaqachon sinab ko‘rilgan edi.

Turmadan bo‘shatilgan Korolyov esa amerikaliklarga yangi, kutilmagan sovg‘a tayyorlay boshladi — u o‘lja olingan «FAU-2» raketasi zaminida butunlay bir yangi raketa qurolini ixtiro etdi. Bu qurol bor-yo‘g‘i bir necha yildan keyin dunyodagi harbiy-strategik vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. Amerikaliklar birinchi marta o‘z yurtlarining jang maydoniga aylanib qolishi mumkinligini his qildilar va yana milliard-milliardlab dollar sarflashga majbur bo‘ldilar. Ammo bu gal endi ular bu pullarni dunyoni qayta taqsimlab olish kabi olamshumul maqsadlarga emas, balki o‘z mudofaalari uchun xarjladilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:27:35
Shu bilan birga G’arbiy Ovrupo mamlakatlari va AQShdagi demokratik hayot tarzidan foydalanib, u yerlardagi kompartiyalarni bevosita Moskvaga tobe etish yo‘li bilan bu mamlakatlardagi jamoatchilik hayotini izdan chiqarish rejasini o‘ylab topdilar, doimiy ravishda unga tuzatishlar kiritib bordilar va izchil amalga oshirdilar. Stalin Baynalmilalni tarqatib yuborganda ayni ana shuni nazarda tutgan edi. Asosiy e’tibor o‘sha paytdagi Ovrupoda ancha-muncha obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Fransiya kommunistik partiyasiga qaratildi. Uning rahbari Moris Torez edi. O’sha yillarda Fransiya NATOning eng asosiy mamlakatiga aylangandi. Bu tashkilotning hamma shtablari va markaziy muassasalari Parijda joylashgan edi. Eng puxta rejalarda ko‘zda tutilganiga ko‘ra, kompartiya Moskva ko‘rsatgan muddatda umumxalq qurolli qo‘zg‘olonini boshlar va Qizil Armiyani yordamga chaqirardi. Bu eski usul bo‘lib, Polsha va Finlyandiya bilan bo‘lgan urush vaqtlaridayoq bir qolipga tushib qolgan edi. Hozir esa, ya’ni hali fursat yetib kelmagan bir chog‘da, Torez qo‘llanmaga muvofiq, har qanday bo‘lsa-da, ittifoqchilar-ning sirlarini oshkor qilib qo‘ymasligi kerak edi. Bu orada u ishchilarning ish tashlashlarini, ko‘cha namoyishlarini uyushtirmog‘i, turli tartibsizliklarni vujudga keltirib, tinchlik uchun kurashmog‘i, urush olovini yoquvchilarni fosh qilmog‘i, ommaviy axborot vositalarida Sovet Ittifoqini sharaflab, uning tinchliksevar tashqi siyosatini alqab, barcha xalqlar dohiysi, fashizm ustidan g‘alaba qozongan generallissimus Stalinni ulug‘lab, favqulodda g‘ayrat va shijoat bilan targ‘ibot ishlarini olib borishi talab qilinardi. Bu jarayonda imkoni boricha Fransiyadagi boshqa partiyalar va jamoat guruhlarini ham bu ishga jalb qilish kerak edi. Fransiya kompartiyasidan yana shuning uchun umid katta edi-ki, u urush yillarida Qarshilik ko‘rsatish harakatida ancha baquvvat qurolli guruhlarni uyushtirgan edi. Fransuz kompartiyasi ittifoqchilarning qo‘shinlari Normandiyaga bostirib kirganlaridan keyin shu qurolli guruhlar yordamida, hatto, hokimiyatni bosib olmoqchi ham bo‘lgandi. Endilikda esa bu guruhlar rasman tarqatib yuborilgan bo‘lsa-da, maxfiy ravishda o‘z tizimlarini va qurollarini saqlab qolib, Kreml tomonidan belgilab beradigan fursatni kutmoqda edilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:28:02
Moris Torez 1928 yildan beri Baynalmilal Ijroiya Qo‘mitasining a’zosi edi, shuning uchun u o‘z ishini yaxshi bilar va gap-so‘zsiz Moskvaga bo‘ysunardi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishidayoq u Kremlning ko‘rsatmalarini bajarib, fransuz armiyasini ichdan buzish va tuzumni zaiflashtirish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi. Shu sababdan Gitler Fransiyani osongina qo‘lga kiritdi. Torezning o‘zi esa armiyadan qochib, yashirin tarzda hayot kechira boshladi, nemislar Fransiyani bosib olgandan keyin esa fransuz ishchilarini ixtiyoriy ravishda Germaniyada mehnat qilish uchun borishga chaqirdi. Go‘yoki fransuzlar shu yo‘l bilan nemis xalqiga «ingliz-fransuz agressiyasi»ni qaytarishga yordam berarmish. 1941 yilning 22 iyunidan keyin Moskvadan yangi qo‘llanmalar olgan Torez nemis agressiyasini qaytarishda sovet xalqiga yordam berish uchun Qarshilik ko‘rsatish harakatini tashkil qilishga kirishdi. Qo‘ying-chi, bir kun ham ko‘rsatma-yu buyruqsiz qolgan emas.

1939 yilda taqiqlangan kompartiya urushdan keyin yana oshkora holatga o‘tdi, Torezning o‘zi esa hukumat a’zosi bo‘ldi. Bu uning faoliyati uchun juda yaxshi imkoniyatlar yaratdi. Biroq bularning hammasi juda katta sarf-xarajatni talab qilardi. Haddan tashqari katta partiya apparati uchun mablag‘ kerak edi, «Yumanite»ga o‘xshash qalin va daromad bermaydigan gazetalarni nashr qilish, yana turli jurnallar, varaqalar, xitobnomalar... Bularni hisobga olmagan-da, ish tashlashlarni uyushtirish uchun ham pul kerak edi, chunki kasaba uyushmalari — hamma ishchilarga ishga chiqmagani uchun, namoyishlar, yurishlar, mitinglarda qatnashgani uchun maosh o‘rniga haq berishni talab qilardi. Bunday paytlarda har bir ishtirokchi uchun kamida 300 frankdan berilardi. Bular hammasi qo‘shilganda yiliga millionlab frank mablag‘ni talab qilardi. Dovrug‘i olamni tutgan Raymonda Den o‘zini poezd yo‘liga tashlab, o‘q-dorilar ortgan sostavni to‘xtatdi. Uning bu sakrashi partiyaga 10 ming frankka tushdi — bu Raymondaga berilgan haq edi. Bundan tashqari yana temir yo‘lda yuk tashish grafigini buzgani uchun 30 ming frank jarima to‘landi. Tabiiyki, bu pullarning hammasini Moskva berar edi.

Parijning Usmoniy xiyobonida birinchi avlod muhojirlar xarid qilgan bir bino bor — unda muhojirlar asos solgan Yevrobank joylashgan. Bu bankda, jumladan, Oqlar harakatining oltin zaxirasi va ROVSning depozitlari saqlanardi. Ikkinchi jahon urushi tamom bo‘lgandan so‘ng g‘alaba kayfini surib yurgan, Qizil Armiya ofitserlarining yelkalaridagi tilla pogonlarni ko‘rib iyib ketgan yuqori rutbalik muhojirlar bu bankni Sovet Ittifoqiga tortiq qilish niyatiga tushib qoldilar. Bu davrda Oqlar harakati va muhojirlarning son-sanoqsiz jamoa tashkilotlariga Stalin ayg‘oqchilari suqilib kirib olgan edi. Ularni turli-tuman vatanga qaytish qo‘mitalari hamda GPUning eski ayg‘oqchisi bo‘lmish graf Ignatevning uddaburonlik bilan olib borgan targ‘ibotlari rosa yo‘ldan urgan edi. Muhojirlarning munkillab qolgan rahbarlari yolg’on-yashiq gaplarga laqqa tushib, Yevrobankni Sovet Ittifoqi ixtiyoriga topshirmoqchi bo‘lishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:28:38
«Oqlar» oltinini Stalin qo‘liga topshirish uncha qiyin kechmadi — oltinning egalari nima qilaman desalar, ixtiyorlari o‘zida edi. Ammo bankning o‘zini o‘tkazish masalasida qiyinchiliklar tug‘ilib qoldi — fransuz qonunlariga ko‘ra mamlakat hududida Fransiya fuqarosi rahbarlik qilmaydigan bankning bo‘lishi mumkin emas edi. Biroq bu qiyinchilikni osongina bartaraf qilsa bo‘lardi. Bank sarmoyasining taxminan 0,3 foizini fransuz kompartiyasiga berishdi. Kompartiya o‘zining Markaziy Qo‘mitasi tarkibidan bir kishini ajratdi. O’sha odam nomiga bankka boshliq bo‘ldi. Sarmoyaning 99,7 foizini esa SSSR Davlat banki bilan Tashqi savdo banki o‘zaro bo‘lishib oldi.

Yevrobankni ba’zan Xalq banki deb ham atashardi. Bu bank imtiyozli foizlardan foydalanib, juda qisqa muddatda Fransiyaning o‘zi qo‘li yetadigan hamma jamoatchilik tizimlarini asoratga oldi. Fransuz kompartiyasi va unga aloqador tashkilotlarning hammasini doimiy ravishda mablag‘ bilan ta’minlab turishdan tashqari, bank kompartiyaga hech qanday aloqasi bo‘lmagan tashkilotlarga ham joriy hisob ocha boshladi. Turli-tuman kasaba soyuzlari, har xil ayollar, yoshlar va sport tashkilotlari bu imtiyozli bankda bajonidil joriy hisoblarini ochishdi. Hatto, mudofaa ahamiyatiga molik xususiy korxonalar tomonidan tuzilgan Umummehnat Konfederatsiyasi ham Yevrobank tuzoqlariga ilindi. Bundan tashqari «qardosh mamlakatlar»ning hamma elchixonalari o‘z mablag‘larini Yevrobank hisobida saqlashlari kerak edi. Fransiyadagi sovet razvedkasi rezidentlarining pullari ham shu yerda saqlanardi. Ular Davlat Xavfsizligi vazirligiga va Bosh razvedka boshqarmasiga qarardi. Bu ikki tashkilotning joriy hisobi alohida-alohida edi. Chunki ular hamisha bir-biri bilan hamkorlikda ishlashni xohlashmagan. Diplomatik pasportlar panohida harakat qiluvchi xos xizmat rezidentlari ham bankda o‘z hisoblariga ega edi. Bu hisoblarda juda katta miqdorda naqd pul saqlanar, bu pul qo‘qqisdan zarur bo‘lib qolganda ishlatilar, bundan tashqari, ayg‘oqchilarning haqi ham shu puldan to‘lanardi. Ayg‘oqchilar uchun alohida hisob ochib o‘tirishning ma’nosi yo‘q edi. Bu pullar taxminan bir million frankka yaqin edi va muttasil to‘ldirilib borilardi. To‘satdan zarur bo‘lib qolganda esa Moskvadan «oltin» choparlar yetib kelardi. Ular DXQ va BRBning zobitlari bo‘lib, diplomatik pochta niqobi ostida turli xil ajnabiy valyutada naqd pul olib kelishardi. O’sha kezlarda hammadan ko‘proq funt-sterling keltirishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:29:00
Fransiyada ishlar shunaqa tarzda edi. Ammo ozmi-ko‘pmi darajada temir pardaning narigi tomonidagi boshqa mamlakatlarning hammasida ham ahvol shunday edi. Londonda, Bernda, Venada, Lyuksemburgda, Tehronda «Xalq banklari» paydo bo‘ldi. Ular VKP (b)ning qudratli bank tizimini vujudga keltirdi.

Istiqbol chindan ham juda bepoyon edi.

Kerakli partiyalar, jamoat tashkilotlari va odamlarni moliyaviy ta’minlash imkonidan tashqari, moliya yo‘li bilan xalqaro bank tizimiga suqilib kirishga yo‘l ochilgandi. Shuningdek, birja o‘yinlarida qatnashish, ko‘chmas mulk sotib olish, G’arb sanoatining kerakli sohalariga pul sarflash va hatto, u yoki bu muhim korxonalar ustidan, ularning keragida gullab-yashnashi yoxud sinib yakson bo‘lishi ustidan nazorat qilish imkoni paydo bo‘lgan edi. Xalqaro moliya sohasida jonbozlik bilan mehnat qilayotgan sovet diplomatlari va razvedkachilarining ijodiy fikrini Moskvadan keladigan talabchan qo‘llanmalargina bir oz cheklab turardi. Tez-tez har xil ko‘lamdagi g‘alvalar qo‘zib turardi. Gohi Bryusseddagi ayg‘oqchilik markazida xodimlarimiz o‘g‘irlik qilgani oshkor bo‘lib qolardi. Ular Ovrupoda boshpana topishdan umidvor bo‘lgan ekan. Zudlik bilan ularning hammasi qo‘lga olindi. Moskvaga keltirilib, tegishli jazoga mustahiq qilindi. Ular bu jinoyatni siyosiy maqsadlarda emas, faqat iqtisodiy g‘arazlarda qilishganini isbot etib, otuv jazosidan qutulib qolishdi — ularning hammasini 25 yilga kesishdi. Gohida qandaydir kapitan Sedikov deganga o‘xshash oltin chopar ichida 300 ming frank puli bor chemodan bilan g‘oyib bo‘lib qoladi-yu, ikki yil davomida uni izla-izla, quv-quv boshlanadi. Bu asnoda qanchadan-qancha otishmalar, sirli qotilliklar sodir bo‘ladi, qalbaki pasportlar ishga tushadi. Bu dovyurak muttaham baribir qochib qutula olmaydi — uni Montevideoda qo‘lga olishadi va Moskvaga olib kelib, «banditizm» uchun otib tashlashadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:29:23
Birdan ayon bo‘ladiki, «Xalq banki»ning Neapoldagi bo‘limini amerikaliklar sotib olib qo‘yibdi — u amalda Markaziy Razvedka Boshqarmasining filialiga aylanib qolipti. Aybdorlarning qamoqqa olinishi juda katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib keldi. Lekin chidash kerak. O’rtoq Stalin ishda tartib bo‘lishini yaxshi ko‘rardi, hammadan bir tiyingacha aniq hisobot talab qilardi va aybdorlarning kimligiga qaramay shafqatsiz jazolardi. Urushdan keyin Stalin hukmdorligi ostida o‘tgan yillardagi barcha maxfiy sud jarayonlari va operativ qidiruv harakatlari pul aralashgan g‘alvalarga to‘la. Yana shu narsa ayon bo‘ldiki, urushdan keyingi yillarda razvedkamizning yirik rezidentlaridan birontasi ham valyutada qilgan sarf-xarajatlari uchun hisobot berolmas ekan. Ularning hammasi ibratli jazolarga mubtalo qilindi. Yillar o‘tadi va bu rezidentlar xotiralar yozishib, ularda o‘z rahbarlari bilan, hattoki, Stalinning o‘zi bilan mafkuraviy ixtiloflarga borishganini ma’lum qilishadi. Aslida esa ularni asosan, kamomadda ayblashgan.

Masalan, «Qizil imperiya»ning sardori mashhur Leopold Trepler o‘z ixtiyoridagi 80 ming shveytsar frankidan iborat mablag‘ qaysi bankka qo‘yilganini sira-sira eslolmadi. GULAGda o‘tirib chiqdi va Stalin vafotidan keyingina, avval Polshaga, keyin Isroilga borib qolib, hisob nomerini esladi. Lekin shunda ham pullar o‘ziniki emasligini negadir yodidan chiqarib qo‘ydi. Sovet razvedkasining Shveytsariyadagi mashhur rezidenti Rado-chi? O’sha dong‘i ketgan Rado! Qanchadan-qancha jangnomalar va teleseriallar qahramoni. Urushdan keyin Qohirada qo‘lga olindi va Moskvaga keltirildi. Bu yerda ma’lum bo‘ldiki, u butun urush davomida kamyob aygoqchi Rudolf Roslerning xizmatlariga to‘lash uchun pul olib turgan-u, lekin unga bir tiyin ham to‘lamay, hammasini o‘z hisobiga qo‘yavergan. Rado o‘g‘irlagan pullarining hammasini qaytarib berdi va shu sababdangina yigirma besh yillik qamoq muddati bilan omon qoldi.

Xorijiy operatsiyalar uchun sarflanadigan har yilgi ko‘p milliardlik mablag‘, qurollanish uchun ketadigan milliard-milliard xarajat beixtiyor bir savolni keltirib chiqaradi: Moskvaning o‘zi shu urushdan xarob bo‘lib chiqdi. Shundoq ekan, to‘kin-sochin yashash uchun pulni qayoqdan olishgan? Bu savolni birinchi marta Amerika gazetalari ko‘targan edi. 1949 yilda Qo‘shma Shtatlar kompartiyasi tevaragida katta janjal ko‘tarildi. O’shanda federal soliq idoralarining aniqlashicha, o‘zlarini Amerika kommunistik partiyasi a’zosi deb atovchi bir guruh odamlar allaqayerdan 20 million dollar pul olgan, unga kattagina ko‘chmas mulk xarid qilgan, ammo na federal xazinaga, na uchta shtat xazinasiga bir tiyin ham pul to‘lashgan emas.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:30:20
Tergov boshlanib ketdi. Ma’lum bo‘ldiki, zanjir Nyu-Yorkdan Moskvaga olib borar ekan. AQSh kompartiyasining milliy kotibi Gess Xoll (ba’zi gazetalar uni «gaz kamerasi» deb atardi, chunki ismi bilan familiyasi shunaqa ma’noni anglatardi) firibgarlik uchun besh yil qamoqqa hukm qilindi. Yo‘l-yo‘lakay boshqa bir voqea ham oshkor bo‘ldi: Gess Xoll urush yillarida armiyaga borishdan bo‘yin tovlab, Meksikaga qochib ketgan ekan. Kommunistlar AQShning asosiy dushmani bo‘lishi mumkin bo‘lgan mamlakatdan pul olib turishlarini tan olishdi. Har ikkala fakt qo‘shildi-yu, jahon miqyosida bahs boshlanib ketdi; shundoq ekan, kommunistlarni «xorijiy davlatning agentlari» deb hisoblash kerak emasmi? Shunday deyiladigan bo‘lsa, bundan muayyan xulosalar kelib chiqadi. Jumladan, kommunistlar majburiy tarzda politsiyada ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Amerika demokratiyasining bag‘ri benihoya keng — u o‘z fuqarolariga faqat bitta narsani — soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni kechirmaydi, xolos. Oliy sud kommunistlarning ham yashashga haqqi borligini tan oldi, faqat bundan buyon ularni xorijdan keladigan pullar masalasida qing‘irliklarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Buning oqibatida kommunistlar hukumat tomonidan moliyaviy jihatdan qattiq nazorat qilina boshladi. Shu tufayli sovet gazetalarida katta shovqin-suron ko‘tarildi: «Amerika kommunistlari quvg‘in qilinmoqda», «AQShda fashizm quturmoqda!», «Alvasti ovi boshlandi», «Makkartizm dahshatli tusga kirmoqda» (bu so‘z AQSh kongressi tergov komissiyasining raisi senator Makkarti familiyasidan olingan. U kompartiyaning moliyaviy va siyosiy kirdikorlarini taftish qilgan edi). Shundan keyin Amerika kommunistlari pul topishda 30-yillarda AQShda ichkilik man etilgan kezlarda spirtli ichimliklar topish uchun qo‘llangan usullarni ishga solishiga to‘gri keldi. Choparlarni qo‘lga olishlar boshlandi. Sovet diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborish, partiya xodimlarining qamoqqa olinishi, mutlaqo daromad keltirmaydigan kommunistik gazeta «Deyli Uorker»ning yopib qo‘yilishi bilan bog‘liq g‘alvalar yuzaga keldi. Bu gazetaning hamma nusxasi ba’zan SSSRda va «qardosh mamlakatlar»da bosilib, o‘sha yerda tarqatilardi. Sekin-asta, ana shunaqa bema’niliklar uchun Moskvaning qancha pul xarjlashi ayon bo‘lib qoldi va tabiiy savol tug‘ildi: Moskva bu pullarni qaerdan oladi?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:30:47
Urushdan keyin Stalin razvedkasi tomonidan qo‘lga kiritilgan natsistlarning tillasi haqida chala-chulpa ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Urush yillarida abverning «Sharq» bo‘limiga rahbarlik qilgan sobiq gitlerchi general Gelen Amerika tergov komissiyasida so‘roq vaqtida sira kutilmaganda g‘oyat shov-shuvli bir bayonot berdi. Bu bayonot go‘yo rad qilib bo‘lmaydigan dalillar bilan tasdiqlanar emish. Bayonotning mohiyati quyidagicha edi: Fyurerning partiya bo‘yicha muovini Martin Borman aslida Baynalmilalning josusi bo‘lgan. Urushdan keyin u Stalinga natsistlar partiyasining hamma tillasini topshirgan, o‘zi esa xotirjamgina Moskvaga singib ketgan. U hozir ham Moskvada istiqomat qiladi. Nyurnberg tribunali uni sirtdan o‘limga hukm qilgan edi, Borman bemalol bu hukmdan ustun kelib yuribdi. Ehtimol, Gelenning bu gaplari to‘g‘ridir, ammo bu amerikaliklarda uncha katta taassurot qoldirmadi. Sababi, natsistlar oltini konsentratsion lagerlarda qiynab o‘ldirilgan yahudiylarning tilla tishlari va nikoh uzuklaridan eritib quyilgan bo‘lib, u juda ham oz edi. Amerika razvedkasi o‘z vaqtida to‘g‘ri ma’lumot bergan: 1942 yilning o‘rtalariga keliboq, Gitler moliyaviy jihatdan sinib bo‘lgandi. Shuning uchun go‘yo Stalinning qo‘liga tushgan natsistlar tillasi olamshumul ko‘lamda bemalol sarflansa, yarim yilga ham yetmas edi.

1950 yilda mashhur «numizmatlar» mashmashasi ko‘tarildi. Ovrupo numizmatlari o‘rtasida franko-ispan pistollari va fransuz luidorlariga talab juda katta edi. Bu oltin tangalar Ispaniya va Fransiyada XVII asrning birinchi yarmida nisbatan qisqa bir muddatda zarb qilingan edi. Har bir tanganing bahosi katalog bo‘yicha taxminan 30—50 ming dollarni tashkil qiladi. Holbuki, tanga tarkibidagi tillaning bahosi 200 dollardan oshmaydi. Siyqasi chiqmagan bir dona yoki qo‘shaloq pistolni topish numizmat uchun omadning kulib boqqani edi. To‘satdan ana shu tangalar turli mamlakatlarda maxsus magazinlarda, kimoshdi savdolarida va chayqovda ko‘p miqdorda paydo bo‘la boshladi-ki, oradan sal o‘tmay ularning kataloglardagi bahosi juda tushib ketdi. Tangalarning narxi zo‘r-bazo‘r 800 dollar bo‘lib qoldi. Bozorda paydo bo‘lgan tangalarning ba’zi birlarini maxsus tekshirishdan o‘tkazdilar. Ularning hammasi qalbaki bo‘lib chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay ma’lum bo‘ldiki, tangalarni zarb qiladigan ikkita uskuna saqlanib qolgan edi. Ularning ikkovi ham Luvrda saqlanarkan. 1940 yilda nemislar ularni Berlinga olib ketishibdi, 1945 yilda esa ular Moskvaning qo‘liga o‘tibdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:31:12
Janjalning avj pallasida Moskva damini ichiga yutib, sipolik saqlab turdi. Ehtiroslar bir oz sovigach esa, odatdagidek, bu «shovqin-suron»ning hammasini bir qabih tuhmat deb, «navbatdagi aksilsho‘roviy kompaniya» deb e’lon qilishdi. Hech kim boshqa javobni kutmagan edi ham. Holbuki, bu «Moskva qo‘li»ning qalbaki pul yasovchi qallob rolida birinchi chiqishi emas edi. Hali afsonaviy Lenin zamonlaridayoq besh va o‘n funtlik qog‘oz pullarni ishlab chiqarishga unnab ko‘rishgan edi. Buni, albatta, «imperializmning iqtisodiy qudratiga» zarba berish maqsadida qilishgandi. U paytlarda tajribali mutaxassislar yetishmasdi. Shuning uchun havaskorlik darajasida amalga oshirilgan ishning pachavasi chiqdi. Bu mashmasha juda qimmatga tushdi, partiyaning G’arb banyutaridagi juda muhim hisoblari musodara qilindi.

Ammo Lenin zamonasida bunga o‘xshash mashmashalar sof qo‘poruvchilikdan boshqa narsa emasdi. Stalin uchun esa ular hayot-mamot masalasiga bog‘liq muhim narsaga aylandi. Valyuta har doim ham kerak edi, ammo u muttasil yetishmasdi. Shuning uchun Lenin zamonasidayoq ta’sis etilgan yashirin tajribaxona NKVD bag‘rida harakat qilishda davom etdi. U ishni borgan sari mukammallashtirib bordi, uning saflarida yuqori malakali mutaxassislar ko‘paygandan ko‘payib bordi. Gitler ham shu yo‘nalishda ish olib borgani ma’lum, ammo uning muvaffaqiyatlari ancha kam bo‘lgandi. Nemislar chiqargan qalbaki funt-sterlinglarni ko‘p o‘tmayoq tanib olishardi va muomaladan chiqarib tashlashardi. Sovet-german do‘stligi avj pallaga kirgan 1939—1940 yillarda Stalin, hatto, Gitlerning huzuriga qalbaki pul yasovchi mutaxassislarni jo‘natdi. Ular Stalinning noshud do‘stiga «imperializmning iqtisodiy qudratini yemirishga» yordam berishlari kerak edi.

Urushdan keyingi yillarda NKVD-MGBning maxfiy bo‘limlari ixtiyorida hamma g‘arb mamlakatlari valyutalarining haqiqiy klishesi mavjud edi, shuningdek ularni qanday ishlab chiqarish yo‘llari ham to‘la-to‘kis ma’lum edi. Ammo o‘rtoq Stalinga sharaflar bo‘lsinki, u maxfiy tajribaxonalarning hamma imkoniyatlarini keng ishga solishga jur’at qilolmadi. Stalin tabiatan ehtiyotkor odam edi. Eski mojarolar uni yanada hushyorroq qilib qo‘ydi. 50-yillarning boshida umumiy miqdori taxminan 500 million dollar bo‘lgan qalbaki pullarni ishlatib yuborishga urinib ko‘rishdi. Bu harakat o‘z vaqtida fosh qilindi. Bu ishlar ko‘proq qalbaki pul yasovchilarning xalqaro tashkilotlari tomonidan qilingan edi, lekin Stalin ulardan o‘zi uchun tegishli saboq chiqarib oldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:31:41
G’arbning kontrrazvedka idoralari va moliyaviy doiralari bu voqealarning hammasini sinchiklab kuzatib turdilar. Xo‘p, mayli, — deb o‘yladilar, — qalbaki fransuz tangalari tufayli Moskva 700 million dollar ishlab oldi, deylik. Ammo qalbaki pullarni ishlatishda agar Moskvaning ulushi bo‘lsa, bu ulush unchalik katta emas va yiliga bir-ikki million dollardan oshmaydi. Bular — bir tiyin, chaqa... Gapning indallosini aytganda, SSSR hech qanday tashqi savdo olib bormaydi. SSSRdagi davlat pul birligi nomigagina «pul» deb ataladi, u konvertatsiya qilinmaydi va hech qaysi mamlakatda o‘tmaydi. Bu pul xalqaro valyuta tizimidan ajralib qolgan. Shunday ekan, kommunistlar imperiyasi nimadan kuch oladi?

Bu o‘rinda shuni ta’kidlash zarurki, o‘sha yillarda SSSRdagilar Qo‘shma Shtatlarni juda yomon bilgani va Amerika qonunchiligining eng oddiy asoslaridan ham xabardor bo‘lmaganlari sababli boshlari turli-tuman g‘alvalardan chiqmaganidek, Qo‘shma Shtatlar ham Sovet Ittifoqini tuzukroq bilmas edi. Urushdan avvalgi yillar davomida Amerika siyosatshunoslari Germaniya, Yaponiyani va o‘zlarining keksa enagalari Angliyani sinchiklab o‘rganishdi. Na Amerika diplomatiyasi, na Amerika razvedkasi o‘rog‘u bolg‘alarning naqshi solingan, bog‘-bog‘ bug‘doylar tasviri bilan bezatilgan dabdabali eshikdan kirib, ichkarida nima borligini bilishga tuzukroq urinib ko‘rgani ham yo‘q. Hali sovetshunoslar armiyasi dunyoga kelmagandi, hali sovet turmush tarzining har xil jihatlarini, sovet tashqi va ichki siyosatining asosiy yo‘nalishlarini o‘rganuvchi behisob ilmiy markazlarning kompyuterlari guvillab ishga tushgani yo‘q edi. Hali SSSRdan gala-gala muhojirlar ham kela boshlaganicha yo‘q edi. Shuning uchun yoqut yulduzlarining nurlarini har tomonga taratib turgan Moskva jumboqligicha qolib kelmoqda edi.

Ilk qochoqlar esa o‘zlarining va yaqinlarining hayotlaridan xavotir olib, biron narsa haqida lom-mim deb og‘iz ochmasdilar, mabodo gapirishni ixtiyor qilib qolganlarida ham quloq soladiganlarning o‘zi yo‘q edi. Ularsiz ham ish ko‘p edi. Hali Stalin bilan bevosita yuzma-yuz to‘qnashuv boshlangancha yo‘q edi. Aksyncha, Stalin Amerikaning olamshumul rejasidagi o‘ziga atalgan qismni hafsala bilan bajarmoqda - yana millionlab odamlarni qurbon qilib, dollarning bo‘lg‘usi hujumiga yo‘l ochmoqda edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:32:24
O’rtoq Stalin barpo etgan imperiya o‘z davri uchun g‘oyatda noyob hodisa edi. Shuning uchun u Sovet Ittifoqidan tashqarida yashaydiganlarning hammasi uchun, hatto, «qardosh mamlakatlar» uchun ham yechilmas bir jumboq edi. U tarix va taqdirlar g‘aroyib bir tarzda chatishib ketgan, yigirmanchi asr olamida quruqlikning oltidan biriga o‘rnashib qolgan g‘alati bir mamlakat edi. Ma’muriy tuzumiga ko‘ra SSSR qadimgi mustabid davlatlardan deyarli hech narsasi bilan farq qilmasdi — unda ham poytaxtda hokimiyati mutlaqo cheklanmagan hukmdor va chekka o‘lkalarda har qanday buyruqqa muntazir turgan malaylar mavjud edi. Mamlakat iqtisodiyotining asosini hamma joydagi kabi xom ashyo ishlab chiqaruvchi sanoat tashkil qilardi. Bu sanoatda, asosan, mahbuslar xizmat qilar, ularning soni 1953 yilda taxminan 12 millionga yetib qolgandi. GULAG — Soljenitsin to‘g‘ri qayd qilganidek, «aholisining soni jihatidan» o‘rtacha Ovrupo davlatiga to‘g‘ri kelib qolardi. U mamlakatni xom ashyoning hamma zarur turlari, shu jumladan, tilla bilan ham ta’minlab turardi. Ta’minlaganda ham tekin ta’minlardi. Imperiyaning qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p millionli kolxozchilar armiyasi ishlardi. Ular Chor Rossiyasidagi eski zamon krepostnoy dehqonlaridan ham battarroq ahvolga solib qo‘yilgandi. Dehqonlarning pasporti yo‘q edi. Ular mahalliy «pomeshchik» - raisning ijozatisiz qishloqlaridan tashqariga chiqa olmas, hatto, bozorga ham borib kelolmasdi. Agar mehnat daftarchasiga mehnat kunlarini belgilab, chizib qo‘yiladigan chiziqlarni hisobga olmasa, dehqonlarning mehnati uchun amalda hech narsa berilmasdi. Buning ustiga ular GULAG uchun va armiya uchun o‘ziga xos zaxira bo‘lib xizmat qilardi. Mamlakat oziq-ovqat va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ana shu tarzda ta’minlanardi.

Qurilish ishining hammasida dastlabki pallalarda mahbuslar mehnat qilardi. Ular quruvchi ishchilarning 60 foizini tashkil etardi. Bu jihatdan ular armiyadagi qurilish batalonlaridan ham o‘tib ketardi. Qurilish batalonlari esa, qullar mehnatining yana bir turi hisoblanardi. Qayta ishlovchi sanoat va transportda ham mahbuslar ishlar, ammo bu yerda ular nisbatan kamroq edi. Ammo «erkin» ishchilar, hatto, juda yuqori malakaga ega bo‘lsalar ham, juda arzimagan maosh olar va o‘ta faqirona hayot kechirishardi. Buning ustiga jinday gunoh qilib qo‘yishsa, tikanli simning narigi tomoniga tushib qolishlari hech gap emas edi. Tinchlik vaqtlaridagi qurolli kuchlar safida sakkiz million odam xizmatda edi.

Adoqsiz qirg‘in va insoniyat tarixidagi eng daxshatli urush tegirmonidan chiqarilgan xalq ana shu tarzda hayot kechirardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:32:54
Shunday qilib:
12 million odam GULAGda,
8 million armiyada,
30 million kolxozlarda,
40 million kishi sanoatda...

Ularning hammasi deyarli bir xil darajadagi qullar. Mahbuslarni bemalol otib tashlash, ochlikdan toliqtirish, og‘ir mehnat bilan asta-sekin o‘ldirish mumkin edi. Ularning hech qanaqa huquqi yo‘q edi. Hatto, ularning mavjudligi ham miqdori ko‘pligiga qaramay, davlat siri hisoblanar va bu to‘g‘rida gaplashish taqiqlanardi.

Armiya xususida-ku — qo‘yaverasiz. Uning to‘g‘risida «yengilmas va muzaffar» degan so‘zlardan boshqa gap aytish mumkin emasdi. Ammo harbiy xizmatchilar mahbuslardan ham kamroq huquqqa ega edilar. Ko‘zni qilt etmasdan turib, tirik askarlar ustida atom bombasi portlashini sinab ko‘rish mumkin edi, keyin esa omon qolganlarni hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatmasdan o‘z holiga tashlab qo‘ysa ham bo‘laverardi. To‘g‘ri, ulardan «sirni oshkor qilmaslik haqida» tilxat olinardi. Hatto, nurlanish kasalidan jon berayotganlarida ham ular vrachlarga boshlariga qanaqa dard tushganini aytmas edilar. Vrachlar o‘lim sababini aniqlayolmay, gangigancha qolaverardilar.

Armiyadan nogiron bo‘lib qaytishdan ko‘ra yomon narsa yo‘q edi. Urushdan keyin armiyadan qaytgan million-million nogironlar hali hammaning ko‘z o‘ngida edi. Ko‘kraklaridagi orden va medallarini shiqirlatib, ular yirik shaharlarda vokzal va bozorlarga to‘planishar va qo‘llaridan kelgancha uch-to‘rt tanga ishlab, tirikchiligini o‘tkazishga intilishardi. Buning iloji bo‘lmaganda esa tilanchilik qilishardi. Ularning hammasi nari borsa endigina 30 ga kirgan yoshlar edi. Bir kunning ichida ular izsiz g‘oyib bo‘lib qolishdi. Hamma shaharlarda puxta rejalashtirilgan oblavalar o‘tkazildi. Hamma oyoqsiz va qo‘lsiz mayiblarni mashinalarga bosib olib ketishdi. Holbuki, ular bir necha million edi. Qayoqqa g‘oyib bo‘lishdi ekan? Bu to‘g‘rida gapirishgina emas, o‘ylash ham taqiqlangan edi. Istagan general va hatto marshal ham xuddi shu tarzda g‘oyib bo‘lib qolishi hech gap emas edi — ularni eslashga va surishtirishga hech kimning haqqi yo‘q edi. Urush yillarida armiya generali Meretskovni o‘lguday urishib, boshidan siyib yuborishgan bo‘lsa, urushdan keyin marshal Novikov, general Telegin, marshal Yakovlev va yana ancha-muncha odamni bundan besh battar ahvolga solishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:33:34
Dehqonlarni istagan ahvolga solsa bo‘laverar edi. Ularga na nafaqa, na yordam puli berilardi, ammo mehnat faoliyatini yo‘qotib qo‘yganlarga shapaloqdek tomorqa orqasidan tirikchilik qilishga ruxsat tegardi. Lekin bu tomorqani xohlagan vaqtda tortib olib qo‘yishlari, uyining ustiga buldozer solib yuborishlari, o‘zini esa qamab qo‘yishlari yoki biron yalang dalaga qurt-qumursqaga yem bo‘lgani tashlab kelishlari mumkin edi. Bu usul ko‘pdan beri ishlatilaverib qolipga aylanib qolgandi.

Hamma jinoyatlar «hukmron sinf» sifatida qaraladigan ishchilar nomidan qilinardi, lekin ishchining o‘zi ikki pullik qadr-qimmatga ega emasdi. Ishchilar o‘z haq-huquqlari uchun kurashda hech qanaqa vosita bilan himoyalanmagandi. Agar biror odamning og‘zidan «ish tashlash» so‘zi bexosdan chiqib ketsa, shuning o‘zi uchun hayotidan judo bo‘lishi hech gap emasdi. Mehnat xavfsizligi ibtidoiy saviyada edi, odamlar sillasi quriguncha ishlatilardi, ish sharoiti ba’zan mahbuslarnikidan battar bo‘lardi, ishlab chiqarish anjomlari eskirgan va ishdan chiqqan, yashash tarzi esa aql bovar qilmaydigan darajada og‘ir bo‘lardi. Oqibatda ishchilarning juda kam qismi zo‘rg‘a o‘zining faqirona qafasiga yetib borardi. Mamlakat so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan qashshoqlik girdobida hayot kechirardi. Erkaklar urush yillaridan qolgan shinellar va paxtaliklarida yurishar, og‘ir ro‘mollarga o‘rangan, oyog‘iga kigiz etik kiyib olgan ayollar o‘ttiz yoshdayoq o‘tin bo‘lib, qari xotinga o‘xshab qolardi. Kostyum kiygan odamni yo biron katta boshliq, yo josus, yoki bo‘lmasa yirik jinoyatchi deb hisoblashardi. Zamona rusumiga qarab kiyingan ayol esa biror yirik amaldorning xotini yoxud o‘ynashi bo‘lmasa, «G’arb oldida sajda qilgani uchun» bemalol qamalib ketishi mumkin edi.

Juda oz sonli texnik ziyolilarning ahvoli bir qadar tuzuk edi. Ular turma va avaxtalardan chiqarib yuborilgan edi, urush yillarida va hozir yangi qurollar namunalarini loyihalashtirganlari va yaratganlari uchun ko‘kraklarida laureatlik nishonlari yarqirardi. Ularga maoshni ham tuzukroq berishardi, boquvlari ham chakki emasdi. Hatto, fan nomzodlariga va polkovniklarga «limitli» deb atalmish maxsus magazinlar ochib qo‘yishgandi. Bu magazinlarda oddiy odamlarnikiga qaraganda buyumlar ko‘proq bo‘lardi. Shu yo‘l bilan o‘z holatlaridan mamnuniyat tuyg‘usi uyg‘onar, ular imtiyozlaridan g‘ururlanib, o‘zlarining ashaddiy qul kabi huquqsiz ekanini ham unutardilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:33:55
Shunday qilib, juda yuzaki tahlil qilingandayoq quldorlik davlatining g‘oyat ibtidoiy nusxasi namoyon bo‘lardi. Bu davlatda milliy daromadning hammasini Stalinning o‘zi va uning har narsaga qodir nomenklaturasi o‘zlashtiradi va uni o‘z bilganicha taqsim qiladi.

Nomenklatura urushdan avvalgiga qaraganda yanada qudratli bo‘lib chiqdi. Urush yillarida nomenklatura yuqori martabali harbiylarning libosini kiydi. Bu esa ularga Urartu davlati kabi ko‘hna va munkillagan bo‘lsa-da, «yangi tipdagi» davlat deb hisoblanadigan saltanat bag‘rida o‘zining qadr-qimmatini chuqurroq anglashga imkon berdi. Axir, bu davlatni davlat qiladigan, uning mavjudligini ta’minlaydigan kuch nomenklatura-da! Nomenklatura ijroiya hokimiyatning qudratini ta’minlaydigan yagona vosita sifatida maxfiy politsiyaning bahaybat apparatidan foydalanadi. Maxfiy politsiya esa, urushdan keyin yana NKVDdan MGB deb o‘zgartirildi. Ammo bu bilan asl mohiyat o‘zgarib qolgani yo‘q. Maxfiy siyosiy politsiya GULAGning eng olis qamoqxonalaridan Kremldagi xonalarigacha cho‘zilib ketgan haddan ziyod katta kontsentratsion lagerning har bir nafasini nazorat qilib turardi. Yashirin politsiyaning oliy tabaqasi nomenklaturaning yuragi bilan chirmashib ketdi va o‘z panjalarini hamma qit’alarga uzata boshladi. Shu tarzda u sekin-asta nomenklaturaning qilichi, qalqoni va jismiga aylana bordi.

Ko‘ksida oliy jangovar nishonlar, yelkasida tilla pogonlar bilan nomenklatura zabt etilgan mamlakatda o‘zining hukmdorlik mavqei mustahkam ekanini, istiqboli porloq va imkoniyatlari bitmas-tuganmas ekanini juda yaxshi anglardi. U yana shuni yaxshi bilardi-ki, bolsheviklar partiyasi allaqachon «davlat» degan narsa bilan chatishib ketgan, «davlat» tushunchasi esa allaqachon «partiya» degan ma’noni anglatadigan bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham nomenklatura chin ko‘ngildan butun davlat mulkini, shu jumladan aholini ham o‘ziniki deb qarab, yengilmas va bitmas-tuganmas qudrat kasb etdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:34:37
Endilikda o‘rtoq Stalinday dohiy nomenklaturaga mutlaqo keraksiz bo‘lib qoldi. Qolaversa, u nomenklaturaga bor imkoniyatlarini ishga solib, keng qanot yozishga xalaqit bermoqda edi. U muttasil ravishda shaxsiy xavfsizlik haqida, mas’uliyat to‘g‘risida o‘ylashga majbur qilar, erta-yu kech kabinetda ish joyida o‘tirishga undab, ishtahani bo‘g‘ardi. Ish joyiga esa istagan daqiqada maxfiy politsiya xodimlari bostirib kirishi, o‘lguday kaltaklab oyog‘idan sudrab chiqib mashinaga uloqtirishi va olib ketishi, o‘sha kunning o‘zida biron yerto‘lada otib tashlashi mumkin edi. Bularning bari asabga tegar va yangi dohiy haqida o‘ylashga undar edi. Ammo ma’lumki, xayollar hech qachon o‘zidan-o‘zi ro‘yobga chiqib qolmaydi, uning hayotda amalga oshishi uchun uzoq vaqt ter to‘kib ishlash kerak.

Kunlardan birida «Mond» degan fransuz gazetasi o‘z o‘quvchilariga Sovet Ittifoqidagi boshqaruv tizimini ko‘rsatish maqsadida hajviy surat bosib chiqardi. Unda Stalin tasvirlangan bo‘lib, har bir cho‘ntagidan, kitelining etaklaridan, etigining qo‘njlaridan kichkina-kichkina stalinchalar termilib turardi. Bu - haqiqat edi, lekin juda jo‘nlashtirilgan haqiqat edi. Kichkina stalinchalar ko‘z ochib yumguncha birlashib olishadi va «barcha xalqlarning buyuk dohiysi»dan ham zo‘rroq bir kuchni barpo etishadi. Nomenklatura juda aniq belgilangan va juda qattiq qo‘riqlanuvchi chegaralariga ega bo‘lgan o‘z davlatiga birlashib olgandi.

Bu jarayon shunchalik aniq-ravshan ediki, hatto, ko‘p jildlik «KPSS tarixi» ham undan ko‘z yumolmadi. «1946 yilda VKP (b) Markaziy Qo‘mitasidagi mansablar nomenklaturasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi, — deb quruqqina ma’lum qiladi partiyaning rasmiy tarixi. — Rahbar kadrlar bilan ishlash rejali asosda olib boriladigan bo‘ldi, ularning siyosiy va ishchanlik sifatlarini muntazam ravishda o‘rganish va tekshirish mumkin bo‘lib qoldi, kadrlarni ko‘tarishda, tayinlashda va vazifasidan ozod qilishda muayyan imkoniyatlar paydo bo‘ldi va qat’iy tartib o‘rnatildi. Ittifoqchi respublikalar markazqo‘mlaridagi, o‘lka, viloyat, shahar va rayon qo‘mitalaridagi mansablar nomenklaturasi kengaytirildi». Ammo rasmiy tarix hamma narsa haqida xabar bersa beradi-ki, Ikkinchi jahon urushining so‘nggi sadolari tinishi bilanoq, Stalin bilan nomenklatura o‘rtasida boshlanib ketgan hayot-mamot kurashining yangi davrasi haqida lom-mim deb og‘iz ochmaydi. Bu kurashning avvalgi halqalaridan farqi shunda ediki, endi nomenklatura ancha qudratliroq bo‘lib qolgan, Stalin esa ancha holdan toygandi. U asta-sekin qarilik asoratiga ilinib, miyasi suyulib bormoqda edi. Endi u tevaragidagi bo‘rilar va qashqirlar uchun oson o‘lja bo‘lishi hech gap emasdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:35:02
Urush vaqtlaridayoq nomenklatura dohiyning zaiflashib borayotganidan dalolat beruvchi bir nechta voqeaga guvoh bo‘lgandi. Nemislar Leningrad yaqinidagi Mga bekatini ishg‘ol qilib, shaharni to‘la qurshab olganlarida, hamma endi Voroshilovning ahvoliga maymunlar yig‘laydi, deb o‘ylagan edi. Vaziyatning chatoqligi nafaqat Voroshilovning haddan tashqari layoqatsizlik bilan qo‘mondonlik qilganida, balki nemislar Mgani ishgol qilgach, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan qo‘mondonning bu haqda Moskvaga xabar qilmaganida ham edi. Stalin navbatdagi harbiy halokatni nemis radiosining axboroti orqali eshitdi. Voroshilovning o‘zi otib tashlanishiga imoni komil edi. Yoxud suyagim qamoqda chirisa kerak deb o‘ylardi. Urush vaqtining qonunlariga ko‘ra, shunda adolatli ish qilingan bo‘lardi. G’arbiy frontning armiya generali Pavlov boshchiligidagi hamma qo‘mondonligi otib tashlangani hali hammaning esida edi. Ammo bunaqa voqea bo‘lmadi. Voroshilovning ortiqcha qo‘rqqani qoldi, xolos.

Nomenklatura, bu holatni, o‘zining to‘la erkinligiga erishish, har qanday mas’uliyatdan qutulish yo‘lidagi birinchi qadam, deb qabul qildi. Nomenklaturaning eng ardoqli orzusi ham aslida shu edi.

Jdanov bilan bo‘lgan voqea yana ham alomatroq bo‘ldi. Stalinning stoli ustida uning eng yaqin malayining kirdikorlarini fosh etuvchi hujjatlar qalashib ketdi. Jdanov — piyonista, ertadan-kechgacha ichadi, hech qanaqa ish qilmaydi. Xoin. Shaharni topshirish to‘g‘risida nemislar bilan til biriktirgan. Jamiki Leningrad partiya tashkilotini Stalinga dushman qilib qo‘ygan. Shu yo‘l bilan Leningrad viloyatini SSSRdan ajratib olishni, viloyat zaminida mustaqil davlat tuzishni va unda o‘zi dohiy bo‘lishni niyat qilgan. Bu rejani amalga oshirmoqchi ekanini shundan ham bilsa bo‘ladiki, Leningradda o‘rtoq Stalinning bitta suratiga Jdanovning to‘rttadan surati to‘g‘ri keladi. O’g‘ri. Boltiqbo‘yi davlatlari qo‘shib olinayotgan kezlarda u 400 ming funt-sterling pulni o‘zlashtirgan va G’arb (Skandinaviya) banklariga o‘tkazib yuborgan. Leningrad qamali yillarida Jdanov tomonidan tuzilgan maxsus komanda kimsasiz uylarda izg‘ib yurib, jinday qimmatga ega bo‘lgan har qanday narsani yig‘ib ketgan. Ular hatto, ochlikdan o‘lgan kampirlarning barmoqlaridagi nikoh uzuklarini sug‘urib olishdan ham hazar qilgan emas. Hozirgi vaqtda qimmati taxminan 7 million so‘mga to‘g‘ri keladigan boyliklar uchta dala hovlining maxfiy joylarida va bir qator ishonchli odamlarda saqlanmoqda.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:37:21
Dohiy hech qanaqa chora ko‘rmay sukut saqladi. Oradan ko‘p o‘tmay Jdanov qo‘qqisdan o‘lib qoldi. Bu gaplar ancha-muncha odamga ma’lum edi, shuning uchun uning o‘limi haqida har xil mish-mishlar ko‘paydi. O’sha kezlarda marhumning dala hovlilarida va shikor qo‘nalg‘alarida har xil komissiyalar ivirsib qoldi, yopiq yuk mashinalarida allanimalar olib ketildi, keyin esa mashhur Leninfad ishi boshlandi. Uning oqibatida Jdanov shovvozlari bitta qo‘ymay otib tashlandi. Ularga qo‘yilgan boshqa ayblar ichida «shaxsiy boyishga intilish tarzida ko‘ringan axloqiy buzuqlik» ham bor edi. Sudda hovuch-hovuch oltin tangalar, brilliantlar, zargarlik buyumlari va qadimiy ordenlar namoyish qilindi. Shunday qilib, mamlakatdagi hamma hayot singari mas’uliyat ham tabaqalashtirilgan edi. Qay bir gunohlari uchun Jdanovni kechirsa bo‘lardi, ammo xuddi shunday ayblari uchun pastroq darajadagi nomenklatura kechirilmas edi. Xuddi shu holat nomenklaturaga xush kelmas edi.

Stalin uchun mutlaqo ayon ediki, nomenklatura xuddi yashirin millioner Koreyka kabi, yaxshi zamonlar kelishini orzu qilib, hozircha panada pisib turibdi. U hozirdan hokimiyatini mustahkamlab boryapti, moddiy boyliklar to‘playapti, fursat kelganda hukmdor sinflarning oqsuyak zodagonlari kabi hech kanday cheklanishlarni nazar-pisand qilmay rohat-farog‘at qo‘yniga cho‘madi. Albatta, ularning hammasi katta orzu-umidlari bilan hamma xalqlar dohiysining yo‘lbarsniki yanglig‘ ko‘zlari mangu yumilishini orziqib kutmoqda. O’zini istagan daqiqada o‘ldirib yuborishlari mumkin ekanini anglagan Stalin ba’zan qat’iyatini yo‘qotib qo‘yardi, ba’zan esa aqldan ozar holatga tushib qolardi-ki, bu nomenklaturaga qarshi kurashning aniq va samarali rejasini ishlab chiqishga xalaqit berardi.

Yovuz tabiatli qonxo‘r dohiy nomenklaturani qattiq qoliplarga solib qo‘ygandi. Nomenklatura bu qolip ichida bo‘g‘ilib ketgan va holdan toygandi. Lekin shunday bo‘lsa-da, u, baribir, Stalinning nomenklaturasi edi. Uni doimiy nizolar va bir-birining ustidan chaquvlar ichdan kemirib yotardi, bu esa Stalinga kurashning yangi halqasida g‘alaba qozonish uchun juda yaxshi imkoniyatlar berardi. Va ehtimolki, agar dohiy yoshroq bo‘lganida, u g‘alaba qilmagan taqdirda ham, 1937 yildagi kabi yutqazib qo‘ymasdi. Ammo Stalin ancha qarib qolgandi, bir vaqtlardagi partiyaviy ixtiloflarning beqiyos ustasi so‘nib borayotgandi.

Chaquvlar esa yomg‘irday yog‘ishda davom etardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:37:54
Molotov 1939 yilda Germaniyada bo‘lganida Gitler hukumatidan katta miqdorda pora olgan. Uni Shveytsariya bankida maxfiy hisobga qo‘yib qo‘ygan. Urush yillarida ittifoqchilardan bir necha marta katta poralar olgan. Ularni Amerika va Angliyaning bir qator banklariga qo‘ygan. Xotini orqali juda qudratli yahudiy moliyaviy doiralar bilan aloqada bo‘lgan. Molotov Nyu-Yorkdan Vashingtonga poezdda ketayotganda shu doiralar uni yollashgan. Molotov SSSRdagi mavjud tuzumni jahon sarmoyasi foydasiga «o‘zgartirish» majburiyatini olgan.

Beriya. Bu odam yoshligidayoq qizil terror va beboshvoq bosqinlar davrida behisob boyliklarni qo‘lga kiritgan. Ularni o‘sha paytdayoq xorijga jo‘natgan. Vaqt o‘tgan sayin uning hashamatga va qimmatbaho toshlarga ishtiyoqi nafaqat so‘ndi, balki yana ham kuchliroq bo‘lib qoldi. Terror davrida Yejov chetlashtirilgandan keyin NKVDga bosh bo‘lib olgach, millionlab odamlardan musodara qilib olingan boyliklarni benazorat o‘zlashtirdi va hatto, ularni vositachi do‘konlar orqali sottirib, pulini kissasiga solishdan tortinmadi. U chet ellar bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Urush yillari dushman bilan muntazam bog‘lanib turgan. Shundan foydalanib, juda katta mablag‘ni G’arb valyutasida Shveytsariya banki va Shveytsariyadagi qirol bankidagi maxfiy hisoblarga qo‘ygan. 1951 yilda Suxumida ingliz razvedkasining rezidenti bilan maxfiy tarzda uchrashgan. Bu uchrashuvda tez orada Sovet Ittifoqida bo‘ladigan o‘zgarishlarga va rahbariyatning to‘laligicha o‘zgarishiga ishora qilgan.

Bundan tashqari yana ko‘plab chaquvlar: Bulganin, Malenkov, Mikoyan, Xrushchyov, Voroshilov, Vishinskiy... Bular oliy tabaqa. Jinday quyiroqda nimalar bo‘layotganiga aql bovar qilmaydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:38:43
«Mutlaqo maxfiy. VKP (b) qoshidagi Partiya nazorati komissiyasiga.
Davlat ahamiyatiga molik. Alohida papka.

... 1948 yil 26 iyunda soat 01:30 da Vittenberg temir yo‘l bekatiga (Germaniyaning sovet okkupatsiyasi zonasida) V-640—07 raqamli sovet harbiy esheloni keldi. Unga, urushdan keyingi xirojlar haqidagi bitimga ko‘ra, texnik anjomlarni ortib, SSSR hududiga olib ketish topshirilgan edi. Eshelonga maxsus vagon tirkalgan bo‘lib, uni «Smersh» ofitserlari qo‘riqlagan. Bu ofitserlarga Moskvadan yuborilgan podpolkovnik Ivan Gerasimovich Stepanov boshchilik qilgan. Podpolkovnik Stepanovning qo‘lidagi yashirin hujjatga ko‘ra maxsus vagonga natsistlar partiyasi va gestaponing mahalliy arxividan olingan o‘lja ishlar ortilgan. Ammo biz rad qilib bo‘lmaydigan dalillarni qo‘lga kiritdik – ularga ko‘ra vagonlarga 45 (qirq beshta) qo‘rg’oshin quti ortilgan, ularning ichiga qimmatbaho ma’danlardan, oltindan ishlangan buyumlar, yombi tillalar va platinalar joylangan. Bu buyumlarni SSSRda qabul qilib oladigan odamning nomi ko‘rsatilmagan...

Eshelon odatdagi marshrut bo‘yicha Varshava va Brestdan o‘tib, keyin Moskvaga borishi kerak edi. 29 iyun kuni kechasi soat 2 da eshelon Brest chegara bekatiga yetib keldi. Bekatning harbiy komendanti chegarachi qo‘shinlar mayori Suxorukov tomonidan eshelon tekshirib ko‘rilganda maxsus vagonning qo‘riqchilar bilan birga g‘oyib bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Eshelon bosib o‘tgan yo‘llardagi tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, yuqorida zikr etilgan vagon Polsha bilan chegaradosh Oderdagi Frankfurt bekatidayoq g‘oyib bo‘lgan. Maxsus vagonning g‘oyib bo‘lish tafsilotlarini aniqlash yo‘lidagi hamma urinishlar natija bermadi, chunki organlar taftish o‘tkazishga yordamlashmadi...»

Quyida Shkiryatovning egri-bugri imzosi. Undan quyiroqda esa Stalinning farmoyishi: «Yordamlashmadi» degani nimasi?!! O’rt. Abakumov! Podpolkovnik Stepanov qamoqqa olinsin va menga xabar qilinsin!»

«Sizning 1948 yil 14 sentyabrdagi № 1884-486 raqamli farmoyishingizga.
Maxfiy. VKP (b) qoshidagi MPKga. O’rtoq Shkiryatov M. F. ga

Vazirlik kadrlari tarkibida podpolkovnik Ivan Gerasimovich Stepanov hisobda turmaydi...»

Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:40:13
«Mutlaqo maxfiy. Davlat Xavfsizligi Vazirligiga
Davlat ahamiyatiga molik!
VKP (b) Markazqo‘mining a’zosi,
SSSR Marshali (matnda shunday - I. B.)
o‘rt. L. P. Beriyaga
1949 yil 15 may

Joriy yilning fevral oyida VKP (b) Markaziy Qo‘mitasining Xalqaro bo‘limi Markazqo‘mning Ishlar Boshqarmasi orqali yashirin agenturadan foydalangan holda Shveytsariya banklarida soxta familiyalar, taxalluslar nomiga bir qator yirik hisoblar ochgan. Depozitlarni ochish uchun oltin, qimmatbaho toshlar va platinadan foydalanilgan. Ular SSSR, Germaniya va Chexoslovakiyadan Sharqiy Ovrupo mamlakatlaridagi kommunistik partiyalar uchun bepul yordamga mo‘ljallangan maxsus yuklar bilan birga olib chiqilgan...
Quyidagi hisob egalarining familiya-laqablari aniqlandi:
Klimov Vladlen Nikolaevich — 800 ming shveytsariya franki.
Nikolaev Ivan Fedorovich — 500 ming shveytsariya franki.

(Shundan so‘ng yana yettita soxta familiya keltiriladi)... Tekshiruv ko‘rsatdiki, yuqorida sanalgan shaxslarning bir nechtasi VKP (b) Markaziy Qo‘mitasi qoshidagi Markaziy Partiya Nazorati Komissiyasining a’zolaridir...
Klimov Vladlen Nikolaevich — o‘rtoq  Matvey Fyodorovich Shkiryatovning taxallusidir...
Imzo: V. Dekanozov. Beriya qaydi: «Siyosiy byuroga ma’lum qilinsin».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:40:58
Undan keyin nima bo‘lgani ma’lum emas, ammo shunisi mutlaqo ayonki, partiya bilan Davlat xavfsizligi nimaiki qarovsizroq qolgan bo‘lsa, hammasini bajonidil o‘g‘irlab, bir necha martalab pahlavonlarcha bir-birlarining tumshuqlariga tushirib kelishgan. Buning ustiga vijdonlari qilt etmagan holda bir-birlarini sharmanda qilaverganlar. Ular bu haqda Stalinga axborot berishar ekan, har gal g‘azabdan titrab-qaqshaganlar, go‘yoki bu bilan o‘zlarining musaffo-yu pokiza ekanliklarini namoyish qilgandek bo‘lganlar.

Ammo gap bunda ham emas edi. Xavfsizlik organlari o‘zlari VKP (b)ning bor-yo‘g‘i bir jangovar otryadi ekanliklarini unutib, kutilmaganda jonajon partiyalariga nisbatan oshkora muxoliflik yo‘liga o‘tib oldilar. Ular to‘la mustaqilliklarini namoyish etib, faqat o‘z mayli bilangina harakat qila boshladilar. Shunday taassurot tug‘ildiki, SSSRda siyosiy tuzum bitta partiyalilik asosiga qurilgan bo‘lsa-da, kutilmaganda ikkita siyosiy partiya maydonga keldi. Ular ikkovi ham ashaddiy so‘l partiyalar bo‘lib, bir-birlariga ochiqchasiga qarshi turardilar. Xavfsizlik organlari faolroq va uyushganroq edilar, shuning uchun partiyadan ustun kelish imkoniga egadek, so‘ngra uni butunlay majaqlab tashlashi yoxud o‘z bag‘riga to‘laligicha singdirib yuborishi mumkinday tuyuldi. Chekistlar uchun biror-bir raykom kotibini qo‘lga olish, uning po‘lat sandig‘ini ochib u yerdan chet el valyutasini musodara qilish yoxud undan ham e’tiborliroq biron narsa topish, keyin uni o‘zlari bilan olib ketib, istagan ko‘rsatmalarini sug‘urib olish va ularni Stalinga pesh qilib, raqiblariga yana bir qaqshatqich zarba berishning hech qanaqa qiyin joyi yo‘q edi. Partiya va chekistlar nomenklaturasining ikki tabaqasi mamlakatda cheklanmagan hokimiyat uchun oshkora kurash boshladi. Kurash jarayonida ularning har qaysisi mag‘lub bo‘lib qolish ehtimolini o‘ylab, qo‘liga tushgan narsaning hammasini valyutaga aylantirib, uni oshig‘ich tarzda xorijga o‘tkazishga kirishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:41:57
Shunday afsona bor. Go‘yo Stalin urush yillarida atigi ikkita xato qilgan emish — u nomenklaturaga Ovruponi ko‘rsatibdi va Ovrupoga nomenklaturasini namoyish qilibdi. Ovrupo dahshat ichida ulardan yuz o‘giribdi, lekin nomenklatura esa, aksincha, sevimli dohiy ularni ko‘p yillar mobaynida chalaqursoq holda ushlab turganini anglab, Ovrupoga yaqinlashish koni foyda ekanini his qilib, unga talpina boshlabdi. Ular mustaqil ravishda temir pardadan teshiklar ochishga kirishganlar. Temir pardaning o‘zi ham narigi tomondan dollarning tazyiqi ostida hilvirab bo‘shasha boshlagan edi. Badavlat davlatni talab ado qilgan va o‘zi qirib tashlayotgan qullar mehnati samaralarini o‘zlashtirgan, yeb to‘ymas va sotqin partokratiya yuqoriroq darajadagi hashamat bag‘riga talpindi. Quruqlikning oltidan bir qismi unga butunlay torlik qilib qolgan edi. U Fransiyaning lojuvard sohillarida, Italiya plyajlarida, Mayami kurortlarida, O’rta dengiz to‘lqinlarining shovurini eshitib, turfa xil rangdagi reklama chiroqlaridan ko‘zlari qamashib, oliy qasrlarda va eng zo‘r mehmonxonalarda umrguzaronlik qilishni istab qolgandi. Ular g‘arbchasiga izzat-ikromda bo‘lishni, xizmatkorlar g‘arbchasiga xizmat ko‘rsatishini, g‘arbchasiga huzur-halovatda bo‘lishni istashardi. Ammo G’arbning o‘zida ham bunaqa hayot kechirishga hammaning qurbi kelavermaydi. Shu sababdan g‘arbcha hayot tarzi yanada ardoqliroq va jozibadorroq ko‘rinardi. Shuning uchun ham partokratiya SSSRning davlat oltin zaxirasini tashkil qiluvchi 12 ming tonnalik tillasiga suqlanib-suqlanib qarashlarini qo‘ymas edi. (O’sha kezlarda AQShning oltin zaxirasi 14 ming tonnani tashkil qilardi. SSSRnikidan jinday ortiq edi, xolos. Ammo hayot darajasi esa qiyos qilib bo‘lmaydigan darajada yuqori edi. Oltin zaxirasini sarflash to‘laligicha xalqning ixtiyorida edi. Hukumat xarajatlarining oxirgi sentigacha xalq nazoratida edi. Ayni ana shu nazoratda AQSh qudratining asosi mujassamdir.) Bu tillani Stalin millionlab mahbuslarning hayoti evaziga to‘plagan va o‘zining olamshumul rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun avaylab asrar edi.

Ha, bu oltin davlatniki edi. Ammo partiya bilan davlat bir narsa emasmi, axir? Demak, bu oltin partiyaniki va yolg‘iz partiyagina unga egalik qila oladi. Partiya og‘zidan suvi kelib, mamlakatning bitmas-tuganmas yer osti boyliklariga ko‘z tikardi. Bu yerdagi neft va boshqa qimmatbaho xom ashyolarni G’arbda juda qadrlashadi. Ularning hammasini dollarga chaqsa bormi? SSSR dunyodagi eng arzon ishchi kuchi va zambarak o‘qiga tekin yem o‘lkasi deb hisoblanadigan bo‘lib qolgandi. Nomenklatura shu yurtdagi hamma milliy boylikni, shu jumladan, aholini ham chin yurakdan o‘zining xususiy mulki deb hisoblay boshladi. Kurash shu masala tevaragida bordi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, nomenklatura davlat tarzida shakllanib bo‘lishi bilanoq, hokimiyat uchun va boyliklarga egalik qilish huquqi uchun fuqarolar urushi boshlanadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 04 Sentyabr 2012, 10:42:50
Ko‘pgina odamlarning fikricha, nomenklaturadagi grajdanlar urushini Stalinning o‘zi boshlagan va avj oldirgan. Bu bilan u nomenklatura uchun navbatdagi qirg‘inni tayyorlagan. Bu gapda, albatta, jon bor, ammo bu gal dohiy navbatdagi qirg‘inni 1937 yil nusxalari asosida tayyorlab, o‘z kuchiga ancha ortiq baho berib yuborgan edi. Bunga o‘xshash ishlarda takrorga yo‘l qo‘yish juda ham xatarlidir. Nomenklatura dohiy rejasiga g‘aroyib bir yangilik olib kirdi. Bunaqa yangilikdan avvallari foydalanilmagan edi. Mamlakat uzra antisemitizmning qora bulutlari soya tashlay boshladi. Bu bulut bir necha muddatga jang maydonini to‘sib qo‘ydi. Bulut tarqaganda esa, Stalin olamdan ko‘z yumib bo‘lgan edi, Davlat xavfsizligi tor-mor qilingan, uning Beriya boshchiligidagi rahbariyati esa, shafqatsizlarcha otib tashlangan edi. Partiya esa, xuddi ertaklardagi pahlavonlardek qaynab turgan qozondan yanada yasharib, yanada kuchli bo‘lib, sakrab chiqib olgandi. U namoyishkorona tarzda VKP (b) degan eski nomini uloqtirib tashladi va o‘ziga KPSS deb yangi nom qo‘yib oldi. (Sovet tarixining 1949 yildan 1953 yilgacha bo‘lgan ko‘p g‘aroyib davri haqida ko‘p jildlik tadqiqotlar yozsa arziydi. Baquvvat qalam egasining qo‘liga tushib qolsa, bu davr aql bovar qilmaydigan ajoyib bir qissaga aylanadi. VKP (b) Markazqo‘mi qa’rida o‘ylab chiqilgan kosmopolitizmga qarshi kurash kampaniyasi, aslini olganda, Davlat xavfsizligining yuziga urilgan tarsaki bo‘lgandi. Lubyankadagilar o‘zlarini o‘nglab olguncha, ularga yana «Vrachlar ishi» ko‘ndalang qilindi. Bu ishga chekistlar och it suyakka yopirilganday yopishib olishdi. Ular bu ish zamirida partiya Markaziy Qo‘mitasi va Siyosiy byurosini butun tarkibi bilan asfalasofinga jo‘natish imkoni borligini ko‘rdilar. Ammo chekistlar namoyon bo‘lgan imkoniyatlardan jazavaga tushib, sho‘rlik vrachlardan ularning hokimiyat va partiya rahbariyati bilan jinoyatkorona aloqalari haqida ko‘rsatmalarni qoqishtirib olishga kirishgan ham edilarki, Stalinning buyrug‘i bilan Davlat xavfsizligi vaziri Viktor Abakumov qo‘qqisdan ishdan bo‘shatildi va darhol qamoqqa olindi. Uning o‘rniga partiya apparatida xizmat qilgan Ignatev tayinlandi. Yangi ministr aniqlagan birinchi masala shu bo‘ldiki, ko‘p yillardan beri Stalinning shaxsiy kotibi bo‘lib ishlab kelgan Poskrebishev xalqaro sionizm bilan aloqada ekan. Uni to‘g‘ridan-to‘gri dohiyning qabulxonasidan qo‘llariga kishan solib, sudrab olib chiqib ketishdi, lekin Lubyankaga emas, VKP (b) Markazqo‘mi binosidagi maxsus turmaga olib borishdi. So‘roqda Poskrebishev Stalin Siyosiy byuroning eski tarkibini va MGB rahbariyatini to‘laligicha mahv etishga qaror qilganini gapirib berdi. Stalin ularning o‘rniga yangi odamlarni qo‘ymoqchi bo‘lgan. Shaxsan Poskrebishevning o‘zi kengaytirilgan byuroning 25 kishilik ro‘yxatini tuzgan. Yangi Siyosiy byuroga Brejnev ham kiritilgan ekan — u o‘zining shovvozlarniki yanglig‘ tashqi qiyofasi bilan Stalinda yaxshi taassurot qoldirgan ekan. Bir necha kundan keyin, 1953 yil 28 fevralda (e’lon qilinganday, 5 martda emas) Stalinni Kuntsevodagi dala hovlisidan jonsiz holda topadilar. Keyin esa armiya Davlat xavfsizligini tanklar bilan majaqlab tashladi. Kurashlar qizig‘ida Davlat xavfsizligi «sotsialistik davlat»ning bu real uchinchi kuchini unutib qo‘ygan edi. Dono partiyamiz esa uni vaqtida eslagan.)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:53:52
Salkam yigirma yil davom etgan og‘ir urushdagi g‘alabadan keyin nafasini rostlab olgan partiya nomenklaturasi so‘nggi yillarda o‘zi orzu qilgan yangi hayotga tayyorlana boshladi. Partiya va davlatning yangi rahbari vazifasiga sobiq Stalin Siyosiy byurosi a’zolari ichidagi eng pachag‘i, eng qo‘rqog‘i va eng ko‘ngilchani Nikita Xrushchyov ko‘rsatildi. Nomenklatura Xrushchyovni o‘zining aytganlarini og‘ishmay bajaradigan oddiy bir qo‘g‘irchoq deb hisoblardi. Bu odam bir vaqtlar Stalinning buyrug‘i bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Siyosiy byuroning majlisida ter bosib, hansirab raqsga tushgan o‘sha Xrushchyov edi. O’shanda hamma a’yonlar chapak chalib turishgan va rosa xoxolab kulishgandi. Stalin esa kulaverib ko‘zidan yosh chiqib ketgandi.

Ammo Xrushchyov nomenklaturaning chirmandasiga avvalgidek itoatkorlik bilan o‘ynayveradi, degan umidlar chippakka chiqdi. Cheklanmagan hukmdorlik mazasini tatib ko‘rgan Xrushchyov, nafaqat nomenklaturaning ardoqli orzularini ro‘yobga chiqardi, balki armiyaga tayanib turib, uning haq-huquqlarini yanada cheklashga urinib ko‘rdi. Ammo undan nomenklatura bir muhim ishni bajarishni istagan edi — Xrushchyov buni ado etdi. Nomenklatura chegarasiz o‘zboshimchalikka intilardi. Xrushchyov zamonida shunday bir «muqaddas shartnoma» tuzildiki, bu nomenklatura «saltanati» fukarolarining shaxsiy xavfsizligi va erkinligini, qonun qarshisida ularning ustunligini kafolatlardi. Bu o‘sha nomenklatura orzu qilgan o‘zboshimchaliklar saltanatiga yo‘l ochardi. Shuni qayd qilish kerakki, keyinchalik 1991 yilning avgustiga qadar bu bitim hech qachon, hech qanday sharoitda buzilgani yo‘q. Faqat 1991 yil avgustidagina oliy tabaqa nomenklaturachilardan bir qanchasi turmaga tushib qoldi. Bu esa qolganlariga g‘oyib bo‘lish imkonini berdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:54:20
Stalin zamonasidagi eng yoqimsiz siymolar ham ortiqcha shov-shuvsiz (yoki Molotov, Malenkov va Kaganovich kabi) jinday shov-shuv bilan nafaqaga jo‘natildi, lekin ular avvalgi imtiyozlari va ne’matlarning hammasidan foydalanishda davom etdilar. Hatto, Stalinning dahshatli jinoyatlari elu-yurtga oshkor qilingandan keyin ham, bu hol marhum mustabidning oilasi maqomiga zarracha ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Uning qizi Markaziy Qo‘mita nomenklaturasi hisobida turishda davom etdi va hamma imtiyozlardan bemalol foydalanaverdi. Faqat bir kishi — Stalinning Vasiliy degan o‘g‘ligina bundan istisno bo‘ldi. U 25 yoshida general-leytenant edi, bolaligidan tevaragini xushomadgo‘ylar va malaylar qurshab olgandi. U valiahd ekaniga chindan ham ishonib qolganmi, harholda o‘zini shahzodadek tuta boshladi. Davlat to‘ntarishi tegirmoniga tushib qolgan kezlarida otasining o‘ldirilgani haqida oshkora gapira boshladi, yangi dohiylarni zo‘ravonlik bilan davlat tepasiga kelgan odamlar deb atadi. Holbuki, eski sulolaviy an’analarga ko‘ra otasi o‘lgandan keyin hokimiyat unga tegishi kerak edi. Uning baqirib-chaqirishlari hammaning joniga tegib ketdi. Uni hibsga olishdi va aviatsiya marshali Novikov ustidan yolg‘on chaquv yozishda ayblab, sakkiz yil qamoqqa hukm qilishdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, qamoqdan ozod qilishdi, general nafaqasini tayinlab, Qozonga jo‘natishdi, yarim yil o‘tgandan keyin uni o‘z to‘shagida o‘lib yotgan holda topishdi. Aftidan, u ortiqcha gaplarni javrashdan qolmagan qo‘rinadi.

Stalinning qizi Svetlana bo‘lsa, akasining qismatidan ibrat olib, xorijga qochishni afzal ko‘rdi. Xorijda u telekameralar qurshovida — hammaning ko‘z o‘ngida sovet pasportini kuydirib tashladi va Qo‘shma Shtatlarga o‘rnashdi. U Shveytsariya bankidagi Stalinning pullarini izlab topdi va sudlashib o‘z ulushini undirib oldi. Bir necha kitob yozib, otajonining va barcha kommunistik tuzumning vahshiyona mohiyatini yorqin ko‘rsatib berdi. Birja oldi-sotdisida chuvi chiqdi va kutilmaganda yana SSSRga qaytib keldi. Garchi u kezlarda uning kitoblarini o‘qigani va tarqatgani uchun ancha-muncha odam qamoqlarda o‘tirgan bo‘lsa-da, Svetlananing o‘zini ayol malikaday kutib olishdi: unga darhol shaxsiy nafaqa tayinlandi, kvartira berildi, shoferi bilan birga mashina ajratildi. Nomenklatura saltanatining fuqarosi o‘zining hamma imtiyozlarini bir umrga oladi va hech qachon fuqarolikdan mahrum etilmaydi. Ammo, SSSRdagi eng uchiga chiqqan imtiyozli hayot AQShdagi eng kamsuqum turmush bilan chog‘ishtirishga ham yaramaydi. Svetlana esa allaqachon AQShdagi hayotga ko‘nikib qolgan edi. Yana kutilmaganda u xorijga qaytib ketdi. Hech kim qarshilik ko‘rsatgani yo‘q. Asl malika bo‘lgandan keyin xohlaganini qiladi-da. Nomenklatura uning otasini yo‘qotar ekan, ayni ana shuni mo‘ljalga olgan edi...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:55:01
Ammo Xrushchyov ham kutilgan umidlarni uncha oqlolmadi. U Stalin qamoqlaridagi millionlab mahbuslarni uylariga qaytardi, nomenklaturaga qarshi Stalin jinoyatlari haqida butun dunyoga oshkora jar soldi, nihoyat, partiya hayotining maqtalgan lenincha normalariga qaytilganini e’lon qildi. Shu bilan barobar Xrushchyov nomenklaturani o‘zi no‘xtalab olmoqchi bo‘ldi — u hamma darajadagi rahbarlarni o‘zicha o‘rnini almashtirib, ishdan olib, ishga tayinlab, o‘zidan uzoqlashtirib va o‘ziga yaqinlashtirib yana nomenklatura saltanatida asabiy vaziyatni vujudga keltira boshladi. Na tashqi siyosatda, na ichki siyosatda tajribaga ega bo‘lgan bu odam tufayli Uchinchi jahon urushi boshlanib ketishiga sal qoldi. Karib dengizidagi keskinlikni Xrushchyov vujudga keltirgan edi. Mao Sze-dun bilan qattiq urishib qolib, Umumjahon kommunistik imperiyasini parchalab yubordi, Stalinning jasadini mavzoleydan olib chiqib tashladi va bularning hammasi yetmaganidek, nomenklaturaga po‘pisa qilib, uning xizmatidagi hamma taqsimot nuqtalarini yopib tashlamoqchi va nomenklatura saltanatining hammasini oddiy savdo tarmoqlaridan foydalanishga o‘tkazmoqchi bo‘ldi.

G’azabi oshib-toshgan nomenklatura bunaqa chaparasta rahbarni 1958 yildayoq bartaraf etmoqchi bo‘lgan edi. O’shanda u, faqat marshal Jukovning sadoqati tufayli o‘rnida qolgandi. Unda, hali Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi 1954 yilgi mag‘lubiyatdan keyin o‘nglanib ulgurmagan bir sharoitda, Jukov juda katta obro‘-e’tiborga ega edi. Yo‘l-yo‘lakay ma’lum bo‘ldiki, davlat kemasining o‘txonasiga yonilg‘i sifatida yangi qurbonlar kelmay qolgandan keyin kemaning yurishi imillab qolipti. Bunaqada to‘xtab qolishi ham hech gap emas ekan. Tekin ishchi kuchidan mahrum bo‘lgan shaxtalar va konlar yopib qo‘yiladigan holatga yaqinlashdi. Nihoyat, qo‘llariga pasport tekkan kolxozchilar qishloqlarini tashlab qocha boshlashdi. Ular shaharlarga to‘lib ketdi, mamlakatning qishloq xo‘jaligi esa halokat yoqasiga keldi.

Hamma qandaydir qat’iy harakatni kutmoqda edi, buning o‘rniga Xrushchyov partiyaning yangi programmasini taqdim etdi. Bu programma surbetligi bilan unutilmas bir hujjat bo‘lgandi. U quyidagi iboralar bilan boshlanardi:

«Sovet kishilarining hozirgi avlodi kommunizmda yashaydi!» Partiya 1980 yilda bu jamiyatni to‘la-to‘kis qurib bo‘lishni va’da qilgan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:55:35
Undan keyin yuz bergan halokatli qurg‘oqchiliklar Xrushchyovni Stalin tomonidan to‘plangan oltinini Amerika bug‘doyini sotib olishga sarflashga majbur qildi.

Xrushchyov o‘zi borib, Amerikani aylanib keldi. U safardan hang-mang bo‘lib qaytdi. «Ular allaqachon kommunizmni qurib qo‘yishipti-ku!» — dedi u Mikoyanga. Mikoyan esa o‘zining bahaybat mulkida kommunizmni qurib qo‘yganman deb o‘ylardi, shuning uchun uncha hayron qolmadi. Faqat shaxsan AQShga borib kelganidan keyin amin bo‘ldiki, o‘rtacha bir Amerika fermeri darajasida yashar ekan. Bu yurakni yomon g‘ash qildi. Endi yana shosha-pisha valyuta topish yo‘llarini qidirish kerak edi, negaki dumi qirqilgan Xrushchyov pulining nimjonligi endilikda Stalindan keyingi nomenklaturaning eng yuqori tabaqalariga ham ayon bo‘lib qolgandi.

Nomenklaturaning kayfiyati ham yaxshi emas edi. Yillar mobaynida xalqni aldab kelgan nomenklatura ilk bora o‘zi ham aldanganini his qiddi. Xorijga hech qanday to‘siqsiz, bemalol chiqib kelish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilanoq, nomenklatura bir zumda marksizm-leninizm sahifalaridan yasab olgan niqobini sidirib tashladi-yu, o‘zini dollarning bag‘riga otdi.

60-yillarning boshida yirik shaharlarning aholisini lol qoldirib, «Beryozka» magazinlari paydo bo‘ldi. Unda xorijiy mamlakatlarning noyob buyumlari G’arb valyutasiga sotilardi. Buning hayron qoladigan joyi shunda ediki, mafkuraviy jihatdan Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari bo‘lg‘usi urushda bizning raqibimiz bo‘lajagi va sovuq urush mobaynida ham bizning asosiy dushmanimiz ekani ochiq-ravshan ta’riflab qo‘yilgan bo‘lsa-da, «Beryozka» magazinlari oshkora ravishda ana shu dushmanning puliga savdo qilardi. Ko‘zi ochiq odamlar uchun bu istiloning boshlanishini bildirardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:56:48
Yirik dollar otryadlari allaqachon temir parda orqali yorib o‘tib, butun mamlakatga tarqalib ketgandi. Ular shundoq ham oqsab yotgan iqtisodiyotni battar izdan chiqarmoqda va eng muhimi esa, allaqachon joni chiqib bo‘lgan mafkuraning jasadini kunpayakun qilmoqda edi.

«Maxfiy. 27.01.1963.
KPSS MK Ishlar boshqarmasi Respublika kompartiyalari Markazqo‘miga, KPSS o‘lka va viloyat qo‘mitalariga
«Beryozka» magazinlari tarmoqlari orqali sotilgan buyumlardan tushgan valyuta mablag‘ini sarflash to‘g‘risida.
KPSS Markazqo‘mining 1962 yil 10 noyabrdagi qaroriga binoan «Beryozka» savdo tarmog‘i orqali sotilgan buyumlardan tushgan xorijiy valyuta quyidagicha taqsimlanadi:
1.  Olingan mablag‘ning 50 foizi KPSS Markazqo‘mi qoshidagi maxsus moliyaviy komissiyaning har oydagi majburiy tekshiruvidan keyin KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkaziladi.
2.  Qolgan 50 foiz KPSS o‘lka va viloyat qo‘mitalari ixtiyoriga tushadi. Ular har oyda belgilangan shaklda majburiy hisobot berish yo‘li bilan xarajat qilinadi.
Izoh: KPSS Markazqo‘mi «Beryozka» savdo tarmog‘i orqali tushgan xorijiy valyuta mablag‘idan quyidagi tarzda foydalanishni tavsiya etadi:
1.  30 foizi — viloyat (o‘lka) sanoatining ustuvor sohalarini rivojlantirishga sarflanadi.
2. 40 foizi — umumiy zaxira jamg‘armasida viloyat (o‘lka) valyuta jamg‘armasini barpo etish uchun sarflanadi.
3.  30 foizi — rag‘batlantiruvchi jamg‘arma tuzish uchun foydalaniladi. Undan qisman ish haqini to‘lash nazarda tutiladi.
Ilova: partiya qo‘mitalarining rahbar xodimlariga (raykom kotiblarigacha), egallagan mansablariga qarab farqlagan holda, xorijga safar uchun bir yo‘la mukofot tarzida beriladi. Viloyat (o‘lka) qo‘mitalari birinchi kotiblarining ixtiyori bilan beriladi. Har oyda hisobot topshirilishi zarur».
Qarorning chetida Xrushchyovning qaydi bor: «Rag‘bat uchun 30 foiz ko‘plik qilmasmikin?»

Raqam o‘chirilib, 10 ga to‘g‘rilangan, keyin 15 foiz deb yozilgan. Aftidan, chinakamiga partiyaviy murosasizlik bilan fikr almashuvlar bo‘lib o‘tgan ko‘rinadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:57:19
Dollar mamlakatni junbishga keltirdi. Ajnabiy sayyohlarning kelishi keskin ko‘paydi. Bu esa o‘z navbatida KGB xodimlarining sonini ham ko‘paytirishni talab qildi. Negaki, SSSR hududida bironta ham xorijiy odam nazoratsiz qolishi mumkin emas edi-da! Ammo KGB avvalgi qudratiga qaytib ulgurmagan edi. Shuning uchun u, butun mamlakat u yoqda tursin, hatto, yirik shaharlarni ham nazorat qilishga qurbi yetmay qolgandi.

Natijada valyuta jamg‘arish ishiga mamlakatdagi mavjud tuzumning asosiy dushmani - uning o‘z aholisi qo‘shildi. Ichki siyosat borasida sodir bo‘lgan ba’zi bir iliqliklar vajidan ular o‘zini emin-erkin deb his eta boshlagan edilar. Bu juda xavfli xomxayol edi — aholining shaxtini juda tezlik bilan va qat’iy suratda qaytarib qo‘yish zarur edi. Bu chindan ham xomxayol edi. Xalq avvalgiday hech qanday haq-huquqqa ega emas va partiya hamda militsiya hukmdorlarining to‘la o‘zboshimchaligi ostida hayot kechirardi. Chegaralarda tikanli simlar hamon odamlarni tashqi dunyodan ajratib turar, pasport tizimi uni yashaydigan joyiga mahkam biriktirib qo‘ygandi. Haqiqiy turmush darajasi Stalin davridagiga qaraganda birmuncha yaxshilangan bo‘lsa-da, hali ham juda-juda past edi. Nomenklaturaning muntazam ravishda xorijga safar qilishlari oddiy odamlarning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. G’arb mamlakatlaridagi haqiqiy hayotni ko‘rgach, nomenklatura bu ahvol mamlakat aholisiga ma’lum bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylab dahshatga tushdi va xorijdagi hayot to‘g‘risidagi axborot keng xalq ommasiga yetib bormasligi uchun hamma choralarni ko‘rdi. Stalin hayotligidayoq ulug‘ axborot urushi boshlangan edi — u paytlarda G’arb radiostantsiyalarini eshitgani uchun 10 yil berilardi. Bu urush yangi-yangi shakllarga kirib davom etmoqda edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:57:44
Xalq noroziligining har qanday ko‘rinishi o‘ta shafqatsizlik bilan bostirilar edi. Novocherkasskda, Vorkutada, Tbilisi va boshqa ko‘pgina shaharlarda ishchilarning namoyishlari bag‘ritoshlik bilan o‘qqa tutildi. Mavjud tuzumni ag‘darib tashlashga chaqiriq emas, biror-bir imo-ishora bordek tuyulgan joyda hech ikkilanmay o‘lim jazosi berilaverardi. Vengriya, Germaniya va Polshadagi xalq isyonlari tanklar bilan bostirildi... Birdan ma’lum bo‘ldi-ki, xalq hali chinakam insoniy hayot nash’asini unutmagan, doimo shunga intilib kelgan ekan. Shu jumladan, dollarga ham. Holbuki, bolsheviklar bu xalqni insoniy hayotdan bezdiraman deb, uni kallavaram bir maxluqqa aylantiraman deb, millionlab qamab, ta’qib qilaverib, 1917 yildan beri juda qiynalib ketgan edi.

Dollar ishtiyoqidagi odamlar ko‘plab paydo bo‘la boshladi. Ularning ichida, ayniqsa, yoshlar ko‘p edi. Matbuot bu yoshlarga bir zumda «valyutachilar» deb nom qo‘yib oldi. Ular G’arb sayyohlari bilan ruxsatsiz bo‘lsa-da, uchrashuvlardan qo‘rqishmadi — ularni josuslikda ayblashlari mumkin edi — bundan ham cho‘chishmadi. Ular valyuta va har xil buyumlar shaklida G’arb mafkurasini mamlakat bo‘ylab yoya boshladilar. Ularga qarshi ayovsiz urush e’lon qilindi. Inturist xodimlari allaqachon xavfsizlik xizmati filialiga aylanib qolishgan edi — ular hang-mang bo‘lib qolgan xorijiy sayyohlarning ko‘z o‘ngida «valyutachilar» yoxud «chayqovchilar» ustiga dadil tashlanib, ularni qo‘lga olish va militsiyaga topshirish payida bo‘lishardi. Bu mushtlashishlar ba’zan fojialar bilan tugardi. Ana shunday janglarning bittasidan keyin yigirma yoshli Igor Kuzmin degan yigit qamoqqa olindi, namunali sud jarayonidan o‘tkazilib, otib tashlandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:58:00
Ammo tarixga «Rokotov va Faybishchenko jarayoni» sifatida kirgan birinchi «valyuta» sudi jamoatchilik o‘rtasida yanada kattaroq aks-sado berdi. Bu ikki yosh yigit (ularning biri qirq yoshda, ikkinchisi yigirma besh yoshda edi) sayyohlardan dollar xarid qilgani uchun qamoqqa olingan. Rokotov bilan Faybishchenko ishning ko‘zini yaxshi bilar ekan — ular bor-yo‘g‘i ikki yil ichida 300 ming dollar va sovet pulida bir yarim million so‘m ishlashibdi. Ular bu pullarni aylantirib, o‘z mulklarini ko‘paytira boshlashibdi. Ular qamoqqa olingan chog‘da RSFSR Jinoyat Kodeksidagi tegishli moddada valyuta bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy ishlar uchun 5 yil qamoq jazosi belgilangan edi. Bu modda Stalin zamonasidan qolgan edi. U paytlarda nomenklaturaning oliy tabaqalaridan boshqa hech kimning qo‘li valyutani ko‘rgan ham emasdi — valyuta olib sotish ulardan boshqa odamning xayoliga ham kelmas edi. Shunday bo‘lsa-da, nomenklatura har ehtimolga qarshi bu ishlar uchun jazoni kamroq belgilagan edi. Ammo, endilikda nomenklatura g‘azabining poyoni bo‘lmay qoldi. Qamoqqa olingan yoshlar o‘z dollarini juda oson yo‘l bilan topishganini ko‘rib nomenklatura larzaga tushdi — butun sovet xalqi ana shu oson yo‘lga kirib ketib, jonajon partiyasi uchun mehnat qilishni yig‘ishtirib qo‘ysa nima bo‘ladi? Moddiy mustaqillik esa hamisha siyosiy mustaqillik hamdir. Buni Ilichning o‘zi g‘alla monopoliyasi haqidagi dohiyona maqolalarida ta’kidlab ketgan edi. Xalq o‘ziga tegishli bir burda nonni faqat partiyaning qo‘lidan olmog‘i kerak va uni ochidan o‘ldirmay, shu nonni berib turgani uchun bu qo‘lni o‘pmog‘i lozim.

Garchi sovet huquqshunosligi, «qonun teskari qudratga ega emas», deb e’tirof etsa-da, mahbuslarga besh yil qamoq jazosi nazarda tutilgan modda bilan ayb e’lon qilinganiga qaramay, tergov davom etayotgan paytda moddadagi muddat avval sakkiz yilga, keyin esa 15 yilga o‘zgartirildi va mahbuslarga yana ikki marta ayb e’lon qilindi. Ammo buni ham yetarli emas deb hisoblashdi. Tergov tugay deb qolgan-da, moddani yana bir marta o‘zgartirdilar. Bu gal moddada otish jazosi ham paydo bo‘ldi. So‘ng ikkala sho‘rlik yigitni otib tashlashdi. Qaysi nuqtai nazardan qaramang — bu uchiga chiqqan o‘zboshimchalik edi. U Xrushchyov boshlab kelgan iliqlikning avj pallasida ro‘y berdi. Shuning o‘zidan Kremlda nimalar bo‘layotganini aniq bilib olsa bo‘ladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 09 Sentyabr 2012, 23:59:29
Oliy Sovet birin-ketin yangi qonunlarni qalashtirib tashladi: «G’ayriqonuniy valyuta operatsiyalari uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida», «Chakana valyuta operatsiyalari uchun javobgarlik to‘g‘risida», «G’ayriqonuniy tarzda valyuta asragani uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida». Shunday qilib, faqat nomenklatura qo‘lidagi valyutagina qonuniy hisoblanadigan bo‘ldi. Garchi bu yangi qonunlarning hammasida «g‘ayriqonuniy operatsiyalar» to‘g‘risida nimadir deyilgan bo‘lsa-da, ularning hammasi oxir-oqibatda oddiy odamlarga xorijiy valyuta asrashni taqiqlashdan boshqa narsa emas edi. Har qanday tintuvda yoningizdan valyuta chiqib qolsa, u shifr va radiostantsiyalarga o‘xshash josuslik belgilaridan yomonroq hisoblanardi. Valyuta jinoyatning ashaddiyligini ko‘rsatar va boshqa molu mulkingiz bilan birga darhol musodara qilinishi shart edi. Aytaylik, xorijdagi biron qarindoshlaridan maktub ichida 10 dollar olgan biror oddiy odam shu pulni ko‘tarib, «Beryozka»ga tumshug‘ini tiqadigan bo‘lsa, u darhol qo‘lga olinardi, negaki sovet fuqarosini xorijiy odamdan ajratib olish haddan tashqari oson edi. Undan pulni tortib olishar, bu haqida hujjat yozilar, sho‘ring qurg‘urning ish joyiga xabar qilishardi. U odamning o‘zi shu bilan qutulib ketsa, oson qutulganiga chin ko‘ngildan shukronalar qilardi.

Hamma narsani uzil-kesil joy-joyiga qo‘yish uchun shu yillarning o‘zida «Tekinxo‘rlikka qarshi kurash to‘g‘risida»gi mashhur qonun qabul qilindi. Bu qonunga ko‘ra, davlat foydasiga ishlashni istamagan barcha odamlar butun mamlakat bo‘ylab tekinxo‘r deb e’lon qilindi. Bu qonunni sovet huquqshunosligining durdonasi deb atasa bo‘ladi. U nomenklaturaning qo‘liga o‘ziga yoqmagan har qanday odamni ochiqchasiga jazolash imkonini berdi.

Nobel mukofotining sohibi shoir Iosif Brodskiy bu qonunning ilk qurbonlaridan biri bo‘lgan edi. Uning she’rlari rayon partiya qo‘mitasining xodimiga ma’qul tushmagandi. Keyinchalik noma’qul odamni hamma joydan quva boshlardilar, hech qaerda ishga olmasdilar, so‘ng tekinxo‘r deb e’lon qilib, yo «qonuniy» asosda qamardilar, yo surgunga jo‘natardilar. Shu vaqtning o‘zida qishloqlarda dehqonlarning xususiy issiqxonalarini kunpayakun qilishga tushdilar, yana chorva tortib olina boshlandi va hatto, Stalinning o‘zi ruxsat bergan tomorqadan ham mahrum qilishdi. Buning o‘rniga butun mamlakatda makkajo‘xori ekish boshlandi, chunki ayni shu ekinda Xrushchyov Qo’shma Shtatlar erishgan qudratning asosini ko‘rdi. Nikita Xrushchyov o‘zining besh sinflik ma’lumotidan hech qachon xijolat chekkan emas, aksincha, hamma joyda buni ta’kidlashdan uyalmagan. Nomenklatura hazil-hazil bilan uni yuqoriga chiqarib qo‘ydi. Shunda ma’lum bo‘ldiki, u mutlaqo davlatni boshqarishga layoqatsiz odam ekan. Stalin uni hamma vaqt ikkinchi darajali rollarda tutib kelgan va na tashqi, na ichki siyosat borasida rahbarlik ishlariga yaqin yo‘latmagan edi. Shuning uchun partiya-davlat boshqaruvining eng yuqori nuqtasiga chiqib olgach, Xrushchyov o‘zini g‘aroyibotlar o‘lkasiga tushib qolgan Alisa kabi tuta boshladi — u hamma narsaga tang qolar va hamma narsadan tez hafsalasi pir bo‘lardi. Stalin imperiyasida nimanidir o‘zgartirish yoki sindirishga bo‘lgan urinishlari hammayoqni rasvo qildi, moliyaviy boshboshdoqlik boshlandi, hech narsaning jilovini tutib bo‘lmay qoldi. Oxir-oqibatda, mamlakatda ni-malar sodir bo‘layotganini, uning bugungi dunyodagi o‘rni qanaqa ekanini ham bilib bo‘lmay qoldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:01:05
Stalinning vafotidan keyingi tahlikalardan o‘nglanib olgan nomenklatura bir qo‘li bilan xalqning tomog‘idan g‘ippa bo‘g‘ib olgani holda, ikkinchi qo‘li bilan qolgan-qutgan boyliklarni talay boshladi. Jazavaga berilib ketib, u har qanday andisha, hatto, ehtiyotkorlikni ham unutib qo‘ydi. Nikita Xrushchyov o‘z kabinetida o‘tirib, yaqinlarining kirdikorlari haqidagi mutlaqo maxfiy ma’lumotlarni o‘qir ekan, ularni bo‘ralab so‘kishdan boshqa iloji qolmagandi.

Ikki oylik neft eksportidan tushgan valyuta izsiz gum bo‘lgan edi. Ma’lum bo‘ldiki, pullar G’arb banklariga soxta odamlarning nomiga qo‘yilyapti. Hamma izlar Kremlga — Bosh kotibning yaqinlariga olib kelardi. Ammo Stalin va Beriyaning qabri tepasida kelishilgan bitim bu odamlarni sudga berishga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo neft — dengizdan bir tomchi, xolos. Bu odamlar allaqachon butun davlat mulkini o‘zining xususiy mulki o‘rnida ko‘ra boshlagan edi. Gap bilan ularning bu qarashini o‘zgartirib bo‘lmasdi.

«Ish bilan o‘nglaymiz!» — deydi g‘ijinib Xrushchyov. Qama-qamalar boshlanadi, biroq darrov ma’lum bo‘ladiki, baloga qolganlar «surnaychilar» ekan — bosh boshqarmalar, trestlar, vazirliklarning rahbarlarigina qo‘lga olinibdi. Mohir ustalar mahbuslarning ko‘rsatmalarini kerakli tomonga yo‘llashadi, ammo jazavaga tushgan Xrushchyov davlat mulkini o‘g‘irlagani va katta miqdorda pora olgani uchun o‘lim jazosini berish haqida yangi qonunni qabul qildirib, ularning jag‘larini ochib yuboradi. Mahbuslarning yangi ko‘rgazmalari Ryazan, Kemerovo, Rostov viloyat partiya qo‘mitalarining birinchi kotiblarini o‘zini o‘zi o‘ldirishga olib keladi. Prokuratura xodimlari qasrlarning devorlariga urib yuboriladigan shaxsiy seyflardan pachka-pachka dollarlar, oltin yombilar, olmoslar, jahondagi dongdor banklarning chek daftarchalarini olishadi. Xrushchyov navbatdagi qadamini qo‘yishga tayyorlana boshlaydi. Uning qo‘lidagi olg‘irlar ro‘yxatida eng yaqin hamkasabalarining familiyalari — Brejnev, Shelest, Podgorniy, Kirilenko va boshqalar turibdi. Sirasini aytganda, Xrushchyov ham Stalin umrining so‘nggi oylarida qilmoqchi bo‘lgan ishni ro‘yobga chiqarmoqchi — o‘z Siyosiy byurosini mahv etishga urinadi. Ammo muqaddas bitim nima bo‘ladi? Xrushchyov bitimni allaqachon buzib tashladi, u boshlagan noma’lum ishlar partiyaning bir qator oliy arboblarining hayotiga zomin bo‘ldi va yana boshqa ko‘pgina odamni yurak o‘ynog‘i qilib qo‘ydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:01:35
1964 yilning 14 noyabr kuni osoyishta «saroy» to‘ntarishidan keyin Xrushchyov hokimiyatdan chetlatiladi. Fitnachilar bitimni buzishmaydi — Xrushchyovni omon qoldirishadi, unga nafaqa tayinlashadi, dala-hovlini ham tortib olishmaydi, lekin nomini ancha yillargacha tarixdan o‘chirib tashlashadi. «Harholda, men bu mamlakatni jinday bo‘lsa-da o‘zgartirdim, - deb g‘ururlanib eslaydi Xrushchyov tomorqasidagi ekinlarini chopib yurib. — Meni otishmadi, qamashmadi, balki nafaqaga jo‘natib qo‘ya qolishdi. Shuning o‘zi juda katta gap».

Leonid Ilich Brejnevning o‘n sakkiz yillik davri boshlandi. Uzoq yillar nomenklatura bu davrni orziqib kutgan edi. Boshdan-oxir boshboshdoqlik davri. Nima qilsang qilaveradigan davr. Partiya hayotining lenincha normalariga qaytish nihoyasiga yetdi.

Bu orada AQSh boshliq G’arb SSSRdagi hodisalarni qiziqish bilan kuzatib turmoqda edi. Ishlab chiqarishdagi bosh-boshdoqlikni ko‘rgan, partiya-davlat rahbarlari mamlakatning milliy boyligini talon-toroj qilish ishtiyoqida yonayotganiga amin bo‘lgan G’arb 1970 yildayoq Sovet Ittifoqini dollar hujumi bilan tor-mor keltirish tadorigini ko‘rib qo‘ygan edi. Markaziy Razvedka Boshqarmasining ma’ruzalari bu rejaning muvaffaqiyat qozonishiga zarracha shubha qoldirmaydi. Stalin tomonidan barpo etilgan sovet sanoati amalda faqat harbiy ehtiyojlar uchun ishlamoqda. U davlat byudjetini o‘pirib ketyapti, yil sayin xo‘jalikning boshqa sohalariga, shu jumladan, qishloq xo‘jaligiga ham borgan sari kamroq mablag‘ qoldirmoqda. Oliy rahbariyat kundalik ehtiyoj uchun bozorini to‘la ravishda G’arbda qiladigan bo‘lib qoldi. Aholining qolgan qismi rahbariyatga qarshi kurashmaydi, balki unga taqlid qiladi. SSSRni qurollanish poygasining yangi-yangi halqalariga jalb qilinsa, u haddan tashqari qimmat turadigan yangi texnologiyaga dosh berolmaydi va sovet sanoatining hamma noharbiy sohalari o‘tirib qoladi. Yana bir-ikki halqa bo‘lsa bas, kommunistik imperiya tamom bo‘ladi. O’z qurollarining og‘irligini ko‘tarolmay, uning o‘zi qulab tushadi. Bu shuning uchun ham ehtimoldan xoli emaski, SSSR o‘zining kommunizmi bilan andarmon bo‘lib, g‘aflatda qoldi — ikkita inqilobni — ilmiy-texnik va elektron inqilobni o‘tkazib yubordi. Bunga Stalinning o‘zi katta yordam bergandi. U hayotligida kibernetikani «marksizmga yot juhudlar o‘ylab topgan soxta ilm» deb atagan edi. Shu mulohaza bilan u Sovet Armiyasining jahon standartidan hamisha orqada qolishiga yo‘l ochdi. Karib dengizidagi mojaro Sovet Armiyasining aloqa, nazorat va boshqaruv tizimi o‘ta ibtidoiy darajada turishini qo‘rsatdi. Bu daraja shunaqaki, qurollarning noyadroviy turlarini qo‘llab o‘tkaziladigan real elektron urushi sharoitida Sovet Armiyasini osonlik bilan boshqarib bo‘lmaydigan, binobarin, jang qilishga qodir bo‘lmagan olomonga aylantirib qo‘yish mumkin.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:03:28
Moskvada ahvolni sezib qolishdi va muqarrar halokatdan qutulish yo‘lini topishdi. Avvaliga ko‘pchilikka bu yo‘l mutlaqo qo‘llab bo‘lmaydiganday ko‘rindi. Gap dunyoning biror ovloqroq joyida Qo‘shma Shtatlarni urushga jalb qilish haqida ketmoqda edi. Agar shunday qilinsa, SSSRni tor-mor keltirishga atab qo‘yilgan milliard-milliard dollar havoga sovurilib ketardi.

Biroq bahslar tez orada to‘xtadi, chunki hamma ko‘rdiki, boshqa chora yo‘q. Moskvaga zudlik bilan Shimoliy Vetnamning Prezidenti Xo Shi Min chaqirildi. U uzluksiz partizan urushining qahramoni edi, bu urush oqibatida Hindi-Xitoydan fransuzlar quvib chiqarilib, Vetnam ham Koreya kabi ikkiga bo‘linib ketdi — shimolida kommunistik, janubida go‘yoki demokratik davlat vujudga keldi. Janubiy Vetnam o‘z armiyasiga ega emasdi. U ham bir vaqtlardagi Janubiy Koreya kabi AQSh bilan xavfsizlik to‘g‘risida bitim tuzgan edi. Xo Shi Minga o‘z yurtini birlashtirish uchun tezdan urush boshlashni taklif qilishdi. Mohiyat e’tibori bilan bu bir vaqtlar Koreyada amalga oshirilgan Stalinning eski rejasini takrorlashdan boshqa narsa emas edi. O’shanda ham asosiy maqsad AQSh qudratini Sovet Ittifoqidan chalg‘itib, bo‘shliqqa yo‘naltirishga qaratilgandi. Xo Shi Min yiliga ikki milliard dollarga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, urush davomli bo‘lsa, uning har yili uchun yana bir milliarddan mukofot puli berilishi kerak edi. Bu mablag‘ning chorak qismini u o‘z kissasiga solmoqchi ekanini yashirib o‘tirmadi. Bu uning shaxsiy ishi edi. Kremldagilarni boshqa narsa tashvishga solmoqda edi: amerikaliklar tuzoqqa ilinarmikin? Axir, ularning rejasi «dushmanni o‘q emas, dollar o‘ldiradi», degan aqidaga asoslangan edida. Balki Janubiy Vetnamga tegmagan ma’qulmikin? Sovet Ittifoqi qo‘llamasa, ular qayoqqa ham borar edi?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:03:50
Ammo amerikaliklar tuzoqqa ilindi. Ular olamshumul g‘alaba qozonishni o‘ylab, yo‘l-yo‘lakay Shimoliy Vetnamni muhim ishlar bilan shug‘ullanishga xalaqit berayotgan xira pashshaday ezib tashlamoqchi bo‘lishdi. Shunday qilib, o‘n yillik qonli urush boshlariga tushdi. Amerikaliklar osmonda, dengizda va quruqlikda juda katta ustunlikka ega edilar, ular Shimoliy Vetnamni butkul vayronaga aylantirdilar, lekin urushda, baribir yengib chiqa olmadilar. Natijada, ular Janubiy Vetnamni shimoliy g’oliblar ixtiyorida qoldirib, askarlarini olib chiqib ketishga majbur bo‘ldilar.

Reja to‘laligicha amalga oshdi. Vetnamda yegan tepkilari amerikaliklarga juda qimmatga tushdi. Ular janglarda o‘lgan va bedarak yo‘qolganlar bo‘lib, 40 ming odam yo‘qotishdi. Bundan tashqari Qo‘shma Shtatlarning obro‘yidan putur ketdi, dollar ojizlandi va Amerika jamiyati parchalanib ketdi. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, o‘z fuqarosidan ikki millionini go‘rga tiqqan Xo Shi Min Sovet Ittifoqining umrini yana 20 yilga cho‘zib berdi. Shuning uchun ham Moskvada uning nomidagi maydonga haykal qo‘yilgandi-da...

Siyosiy tashabbus qisqa vaqtga Sovet Ittifoqiga o‘tdi, boshqa sharoitlarda bo‘lsa, bundan juda yaxshi foydalanish mumkin edi. Biroq SSSRda hech qachon qurolu neft, gaz, temir rudasi, yog‘och, mo‘yna va yana qizil hamda qora uvuldiriqdan boshqa narsa bo‘lmagan. Quroldan bo‘lak yuqorida sanalgan narsalarning hammasi xorijga sotilgan, evaziga valyuta olingan, ammo davlat xazinasiga tushgan valyuta ko‘z ochib yumguncha talonga uchrayvergan. Shuning uchun xalqaro maydonda samarali harakat qilish uchun SSSR ixtiyorida faqat qurol qolgan, xolos. Sovet Ittifoqi xaridor mamlakatlarga qurolni yo butunlay bepul, yo qarzga bergan, ammo biron kun kelib, bu qarzlarni undirib olishni o‘ylagan ham emas.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:04:14
Amerikaliklarni Vetnam mojarosiga jalb qilishga muvaffaq bo‘lingandan so‘ng, Moskvada raqibning yana bir bor ta’zirini berib qo‘yishga jahd qilishgan — bu gal endi AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchisi Isroilga zarba berishni mo‘ljallashgan. Bu safar ham Qo‘shma Shtatlar ittifoqdoshining boshiga og‘ir kunlar tushganda uni yolg‘iz qoldirmaydi va shu yo‘l bilan uzluksiz davom etadigan kichik-kichik urushlar botqog‘iga botib qoladi deb o‘ylashgan. Moskvaga Misr Prezidenti Nosir chaqiriladi. U Xrushchyov zamonidayoq Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni va Oltin Yulduz medali bilan taqdirlangan edi. Nosir Moskvaning rejasiga yuqori baho beradi. Negaki, u Nosirning o‘z rejalariga ham to‘g‘ri kelib qolgandi. Bundan tashqari Xartumda, arab mamlakatlari rahbarlarining maxfiy kengashida, Isroilni davlat sifatida yo‘q qilib tashlash to‘g‘risida qaror ham qabul qilingan edi.

Moskva bu masalada juda katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Sovet Ittifoqi Vetnam urushida erishgan ustunliklarning qariyb yarmini boy berib qo‘ydi. Karib dengizidagi mojarodan keyin o‘tgan qisqa vaqt ichida ikkinchi marta SSSRning harbiy ojizligi oshkor bo‘ldi. Bunaqa tahqirli ahvolga yo‘l qo‘yib bo‘lmas edi. Misr armiyasi juda qisqa fursatda tor-mor keltirilgandan keyin, Isroil qo‘shinlari Suvaysh kanali sohillarini egalladilar. Kanal yopilib qoldi. Bu esa juda ko‘p moddiy muammolarni keltirib chiqardi. Shimoliy Vetnamni hamma zarur narsalar bilan ta’minlab turuvchi sovet kemalari endi Afrikani aylanib o‘tishga majbur edi. Buning ustiga yo‘lda uning to‘xtaydigan joyi ham yo‘q edi, hisob. Bu Amerika razvedkasining Vetnam uchun olgan intiqomi edimi yo yo‘qmi — bu ma’lum emas, ammo Sovet Ittifoqining dunyoda qurolli nizolarini keltirib chiqarishda o‘ylamay ish tutishi jahonning nazaridan chetda qolmadi va bundan Afg‘onistondagi kurashning so‘nggi bosqichida juda ustalik bilan foydalandilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:06:18
Xuddi shu kezlarda, ya’ni 1967 yilda KGBning raisi qilib Yuriy Vladimirovich Andropov tayinlandi. Stalin zamonasida u komsomol ishlarida band edi, urush vaqtida esa, u shimoliy portlarda lend-liz bo‘yicha ittifoqchilardan kelgan yuklarni qabul qilish bilan shug‘ullandi. Xuddi shu ishida yurganida «Djoni Uoker» degan viski va konservalangan Amerika kolbasasiga o‘ch bo‘lib qoldi. Andropov 1958 yilda Vengriyadagi umumxalq isyoni vaqtida hukumat rahbarlarining e’tiborini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yerda u elchi edi. O’zining yordamchisi Kryuchkov bilan birga u Imre Nadni elchixona hududiga aldab olib kirdi va keyin uni dor ostiga jo‘natdi. Bu esa isyonning mag‘lubiyatidagi asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Andropovni KPSS Markazqo‘mi apparatiga ishga olishdi, Xrushchyov ishdan chetlatilgach, o‘zini partiyaning rahbari deb e’lon qilgan Brejnev tarafdorlari safiga qo‘shildi.

Masalaning nozik jihati shunda ediki, bu mansabga Aleksandr Shelepin ham da’vogar edi. Uni yuqori doiralarda «Temir Shurik» deb atashardi. U o‘sha kezlarda KGBning raisi edi. Bu paytlarga kelib, KGB Stalin davridagi MGB qudratini to‘la tiklab ulgurmagan bo‘lsa-da, ancha baquvvat tortib qolgan edi, u ancha kengaygan va hatto, nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xorijda ham siyosiy qotilliklar bilan shug‘ullangan mashhur bo‘limini ham tiklab olgandi. Masalan, GFRda ukrain millatchilarining sardori atoqli Stepan Bandera o‘ldirildi. Albatta, bu qotillik Siyosiy byuroning buyrug‘i va ma’qullashi bilan amalga oshirilgan edi. Shunday bo‘lsa-da, Banderaning o‘ldirilishidan «Temir Shurik»ni ag‘darib tashlashda foydalanishdi. Bandera to‘g‘risida bir dasta hujjat tayyorlandi. Ularda partiyaning xohishiga qarshi o‘laroq, Banderaning o‘ldirilishini Shelepinning o‘zi mustaqil rejalashtirgani va amalga oshirgani haqida gap borardi. Shelepin buni go‘yoki shaxsiy manfaat yo‘lida qilgan, chunki Banderaning Myunxen banklarida saqlanuvchi pullari uning tinchini olib qo‘ygani ta’kidlanardi. Bu hujjatlarning hammasini Andropov tayyorlab, G’arbga oshirgan edi. Xalqaro miqyosda janjal boshlandi. Shu to‘polon asnosida Shelepinni, avval, allaqanday bir ahamiyatsiz mansabga o‘tkazib qo‘yishdi, so‘ng esa nafaqaga jo‘natishdi, uning o‘rnini esa Andropov egalladi. Politsiyachilik tartiblari ustuvor mamlakatda maxfiy politsiyaning boshlig‘i bo‘lish eng muhim lavozimni egallash degani edi, chunki bu lavozimdagi odam mamlakatdagi va uning hududlaridan tashqaridagi haqiqiy ahvoddan xabardor bo‘ladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:07:20
Andropov tevarak-atrofiga nazar solar ekan, ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan ahvolni ko‘rib dahshatga tushdi. Stalin vafot etgach, salkam 14 yil davomida butun mamlakat poraxo‘rlik gullab-yashnagan bepoyon bir botqoqqa aylanib bo‘libdi. Bu botqoq istagan daqiqada mafkurani ham, davlatni ham qa’riga yutib yuborishi hech gap emas edi. Andropovning shuhratparast miyasiga mamlakatni hali qutqarib qolsa bo‘ladi degan fikr keldi. Ammo buning uchun KGBning xo‘jayini bo‘lish kifoya emas edi, buning uchun partiya va davlat rahbarligini egallash shart edi. Andropov esa bu martabadan hali juda uzoqda edi. Shuning uchun KGBning xo‘jayini lavozimini egallagan birinchi daqiqalaridanoq, Andropov davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U o‘zining bu qilmishini partiyani saqlab qolish istagi bilan va boshqa olijanob niyatlar bilan oqlamoqchi bo‘ldi. Bu «olijanob» niyatlar qanaqa ekanini bilish uchun esa Lubyanka yerto‘lalariga nazar tashlash kifoya.

Andropov «Praga bahori»ni tanklar bilan yanchib tashlashning asosiy tashabbuskori bo‘lgan edi. U shu yo‘l bilan mamlakatda va jahonda katta g‘alva boshlashni va to‘s-to‘polondan foydalanib, oliy hokimiyatni egallashni mo‘ljallagandi. Ammo bu safar omadi kelmadi.

Chexlar hech qanaqa qarshilik ko‘rsatishmadi. Vetnamda o‘ralashib yotgan Qo‘shma Shtatlar esa, urushdan keyingi «ta’sir doiralari» to‘g‘risidagi Potsdam konferentsiyasini ro‘kach qilishib, loqaydgina munosabatda bo‘lishdi. Ammo ular Andropovning qay usulda ish yuritishini payqab qolishdi va keyinchalik foydalanish uchun buni e’tiborga olib qo‘yishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:08:00
Andropovni shunchalik dag‘allik bilan qat’iy harakat qilishga majbur etgan narsa nima edi? Bu shundan iborat ediki, mamlakatni muqarrar halokatdan saqlab qolish uchun ortiqcha fursat qolmaganini va ustalik bilan harakat qilinadigan maydon torayib ketganini Andropov dahshat ichida anglab yetgandi.

Halokat tez yaqinlashib kelmoqda, u jadal va qat’iy harakat qilishni talab qilardi. Ammo tomog‘inggacha botqoqqa botib turgan bo‘lsang, qanday qilib tez va qat’iy harakat qila olasan?

Shunday qilib, Andropov ertaklardagi pahlavonlardek ish boshladi — u ajdaho bilan olishishga kirishdi, ammo uning kallasini kesib tashlasang, o‘rniga uchtasi unib chiqardi.

KGBning maxsus kanallari bo‘ylab tunu kun shunday axborotlar oqib kelardiki, Andropovning eng yaqin a’yonlari ularni o‘qib, muzdek terga tushishardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:08:43
Ko‘pchilik ittifoqdosh respublikalarda hamma partiya va davlat mansablari naqd pulga sotilgan. Jumladan, Ozarboyjonda rayon prokurori mansabi 30 ming so‘m, rayon militsiya bo‘limining boshlig‘i mansabi esa 50 ming so‘m turgan. Bu mansablarni naqd pul to‘lash yo‘li bilan raykom kotibidan sotib olish mumkin. Kolxoz raisining o‘rni garchi saylanadigan mansab bo‘lsa-da, 80 ming so‘m turgan, sababi, bu mansab raykom nomenklaturasiga kirgan va undan nomenklatura pillapoyalari bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish mumkin bo‘lgan. Raykom kotibi bo‘lish uchun esa ancha ko‘p pul talab qilingan — 200 ming to‘lash kerak bo‘lgan. Ikkinchi kotibning o‘rni 100 ming so‘m turgan. Pullar Ozarboyjon kompartiyasi Markazqo‘mi kotiblariga to‘langan, chunki bu mansablar Markazqo‘m nomenklaturasiga kirgan. Markazqo‘mda hamma davlat mansablari (nafaqat davlat mansablari) pulga sotilgan. Teatr direktorining o‘rni 30 ming so‘m, ilmiy-tadqiqot instituti direktorining o‘rni 50 ming, akademiklik unvoni 50 ming bo‘lgan. Respublikadagi istagan oliy o‘quv yurtining rektori bo‘lish uchun 200 ming so‘m to‘lash shart edi. Bu lavozim — xuddi raykom kotibinikiday juda qimmat turgan. Ammo bu pullar juda tez qaytgan, chunki, aytaylik, Chet tillar institutiga kirish uchun 10000 so‘m, Boku dorilfununiga kirish uchun 20 ming so‘m, Tibbiyot institutiga 30 ming so‘m, Xalq xo‘jaligi institutiga 35 ming so‘m (70-yillar bahosida) to‘lash lozim bo‘lgan.

Faqat rayon rahbarlari yoxud ilm-fan va madaniyat arboblarining lavozimlarigina emas, Ozarboyjonda hukumat a’zolari va Markaziy Komitet a’zolari bo‘lish uchun ham pora berish kerak edi. Masalan, Ijtimoiy ta’minot vaziri lavozimini 120 ming so‘m, Savdo vaziri mansabi uchun esa 250 ming so‘m berish zarur edi. Kompartiya Markazqo‘miga a’zo bo‘lish uchun yarim million so‘m to‘lash talab qilinardi.

Bunday ahvol juda tez sur’atlar bilan rivoj topib borayotgan xufiya iqtisodiyot korchalonlari uchun pastdan yuqorigacha eng muhim mansablarga o‘z odamlarini o‘tqazish imkonini bergan, ularning partiya nomenklaturasi bilan chatishib ketishiga yo‘l ochgandi. Korchalonlar shu yo‘l bilan o‘z siyosatlarini o‘tkaza boshladilar. Ammo eng dahshatlisi hali bu emas edi. Kompartiya Markazqo‘miga va uning Birinchi kotibi Oxundovning qo‘liga oqib kelayotgan juda katta mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijga chiqib ketmoqda va ajnabiy banklardagi jamg‘armalarga borib tushmoqda edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:09:19
Ozarboyjon - SSSR neftining bosh manbai hisoblanardi. Neft esa sovet eksportining asosiy tovari bo‘lib, mashhur neftodollar hisobida milliardlab daromad keltirardi. Amalda bu daromadlardan davlat xazinasiga hemiri ham tushmasdi. Ammo Oxundovning o‘z ulushi bor edi. Kalavaning boshqa uchlari esa to‘g‘ri Kremlga olib borardi. Andropov kalavaning uchlarini topa boshladi, ammo u bu ishni hech kimga bironta savol bermay va o‘zini haddan ziyod sadoqatli ko‘rsatgan holda bajardi.

Ozarboyjonning mamlakatdagi boshqa respublikalardan alohida ajralib turgan joyi yo‘q edi. U poraxo‘rlik botqog‘ida bo‘g‘ilib yotgan yagona o‘lka emasdi. Kompartiya Markazqo‘mining Birinchi kotibi Siyosiy byuro a’zoligiga nomzod Mjavanadze, ikkinchi kotibi esa Albert Churkin bo‘lgan qo‘shni Gruziyada ahvol bundan beshbattar edi. Bu yerda mansablar Ozarboyjondagidan qimmatroq turardi. Bu lavozimlarni sotib olishga tayyor odamlar shu qadar ko‘p ediki, o‘ziga xos kim oshdi savdolari uyushtirishga to‘g‘ri kelardi. Kim oshdini o‘tkazuvchi mutasaddilar Markaziy Qo‘mita kotiblari va Markazqo‘m byurosining a’zolari edi. Ular o‘z haqini, asosan duru javohirlarda va valyutada olar, o‘z navbatida Moskvaga ham ulush ajratib turardilar. Partiya apparati respublikani o‘z ta’sir doirasidagi qismlarga bo‘lib olgandi va shu bilan go‘yo feodal qaramligi tartiblari to‘la o‘rnatilgan edi.

O’rta Osiyo respublikalaridan kelayotgan ma’lumotlarga esa aql bovar qilmasdi... Bu gal ham izlar to‘g‘ri Moskvaga borib tutashardi. Shu jumladan, giyohvand moddalar so‘qmoqlari ham ilonizi bo‘lib, Bolqon va Yaqin Sharq mamlakatlari orqali o‘tardida, Kubalarga borib g‘oyib bo‘lardi — o‘sha yerda bu so‘qmoq jahon narkobiznesi daryosiga qo‘shilib ketardi. Paxta va giyohvand moddalar — KPSSning o‘pqonday kissasiga tushuvchi milliard-milliard dollar daromad berardi. Bularning bari-ku chekka o‘lkalarda. Xo‘sh, Moskvada, Rossiyaning o‘zida ahvol qanaqa edi?

Mudofaa vazirligidan boshlab to go‘sht-sut sanoati vazirligigacha — davlat boshqaruvining hamma sohalari poraxo‘rlik kasaliga chalingandi. Ularning hammasi bemalol jinoyatga qo‘l urayotganlari uchun KPSSga o‘lpon to‘lab turishardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:09:40
Andropov ish rejasini tuzishga kirishdi. Avvaliga u o‘z kuchlariga ancha to‘g‘ri baho berdi, hatto, unchalik cho‘chib o‘tirmadi ham. Axir, u ham eng oliy tabaqa nomenklaturasining vakili edi va biror narsani tubdan o‘zgartirish niyatida emasdi. U KPSS Markaziy Qo‘mitasi qa’rida tug‘iladigan va muqarrar tarzda muntazam ravishda amalga oshiriladigan juda xatarli jarayonlarga barham bermoqchi bo‘ldi. Milliy daromadning juda katta qismini o‘zlashtirib oladigan KPSS xuddi qochib ketishga hozirlik ko‘rayotganday behisob boyliklarni tinimsiz xorijga o‘tkazardi. Go‘yo partiyaning oliy qatlami birvarakayiga SSSRdan muhojirlikka jo‘namoqchi va hozirdanoq G’arbda tuzukroq turmush kechirish uchun zarur tadorikni ko‘rayotgandek taassurot tug‘ilardi. Odam o‘z xatti-harakatlarining tub sababini ba’zan tushunolmay qoladi. Andropov ham uzoq vaqtgacha bu jarayonning tub mohiyatini anglayolmay yurdi. Chunki uning o‘zi ham jon-tani bilan nomenklaturaga mansub edi.

Buni yana shu sababdan tushunish qiyin ediki, chekistlar tomonidan qattiq muhofaza qilinadigan va qalin maxfiylik pardasiga o‘ralib olgan nomenklatura saltanati kun sayin gullab-yashnamoqda, boyimoqda va baquvvatlashib bormoqda edi. Umuman olganda, bu o‘lkada kommunizm allaqachon qurib bo‘lingan edi. Lekin, to‘g‘risi, unda «tenglik» tushunchasidan asar ham yo‘q edi. Bu esa faoliyatni yana davom ettirishga undardi. Quruqlikning oltidan bir qismini o‘z jismi bilan oziqlantirib yotgan qamoqxonalar va maxsus istiqomat joylaridagi millionlab sho‘ring qurg‘ur mahbuslar ana shu mo‘‘jazgina xos o‘lkani barpo etishga imkon bergan edilar. Bu o‘lkada hamma narsa xos odamlarga atalgandi. Maxsus qurilish-montaj boshqarmalari tomonidan xos turar-joy binolari qurilardi, mabodo ularda cho‘miladigan hovuzlar bo‘lmasa, bu derazasi yo‘q uyday g‘ayritabiiy hisoblanardi. Xos dala hovlilari, pansionatlar, sanatoriylar, kasalxonalar, poliklinikalar, maxsus magazinlarda sotiladigan xos oziq-ovqat mahsulotlari, xos oshxonalar, xos bufetlar va xos sartaroshxonalar, maxsus avtobazalar, benzin quyadigan maxsus joylar, avtomashinalardagi xos nomerlar, keng tarqalgan xos informatsiya tarmoqlari tizimi, xos telefon aloqasi, xos bolalar muassasalari, xos klublar va kinoteatrlar, vokzallar va aeroportdagi xos kutish zallari, maxsus tug‘ruqxonalar va hatto, xos qabristonlar...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:10:03
Bu xos o‘lka yashar, dam olar, ovqatlanar, xarid qilar, safarga chiqar, ko‘ngil ochar, o‘qir, davolanar ekan, hech qachon muloqotga kirishmasdi, chunki uning jamiki farovonligi shu xalqni talash asosiga qurilgandi. Yam-yashil daraxtzorlar qo‘ynidagi hashamatli qasrlar, kottejlar, shikor uylari, bog‘lar, ravoqlar, tennis kortlari, cho‘miladigan hovuzlar, gulxonalar, issiqxonalar, qimmatbaho zotdor arg‘umoqlari serob otxonalar — bularning bari baland devorlar ortiga joylashgan va qurolli soqchilar tomonidan qattiq qo‘riqlanardi. Nomenklaturaning Mikoyanga o‘xshash faxriylari o‘zlarining shahar tashqarisidagi qasrlari va bahaybat mulklarni 1919 yildanoq sarishtalay boshlaganlar. Marmar gobelenlar, derazalardagi turfa xil rangli vitrajlar, shaxsiy kinozallar, Eron gilamlari, ko‘hna qurollar, oltin va kumush haykalchalar, qimmatbaho chinni, yashmadan ishlangan ko‘zachalar, fil suyagidan qilingan naqshdor bezaklar, hind shohilari, o‘nlab yillar mobaynida yig‘ilgan noyob ichimliklar... Mulklar va qasrlar salobatli g‘ishtin devorlar bilan o‘rab olingan, ularda soqchilar va xizmatkorlar uchun maxsus uylar qurib qo‘yilgan. Ular ko‘rgan-bilganlarini birovga aytmaslik haqida tilxat berishadi va juda katta maoshlar hamda imtiyozlar bilan rag‘batlantiriladi. (Hatto, nomenklatura saltanatida farrosh ayol armiyadagi polkovnikdan ko‘proq maosh oladi).

Bunday hayot tarzini Lenin ta’sis etgan edi. Stalin uni qonun darajasiga ko‘tardi, uning hamma vorislari buni qo‘llab-quvvatlashdi. Xrushchyovga Stalindan meros qolgan chorbog‘lar, dala hovlilar kamday ko‘rindi. U hokimiyat tepasiga kelib ulgurmay, Pitsundada o‘ziga yangi chorbog‘ qurishni buyurdi. Bu shunaqa hashamatli chorbog‘ ediki, hatto, G’arbiy Germaniya elchisi Krol uning tomi va devorlari oynavand bahaybat cho‘milish hovuzini ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldi. Bularning bariga nomenklatura mutlaqo qonuniy asosda egalik qilar va hech kim hech qachon bunga qarshi kurashgan emasdi. Xrushchyovning noroziligini tug‘dirgan, Andropovni tashvishga solib qo‘ygan narsa shu bo‘ldiki, nomenklaturaning nafsi o‘pqon chiqib qoldi. Oddiy sovet kishisi yetti uxlab tushida ko‘rmagan eng zo‘r imtiyozlar ham ularga kulgili darajada arzimas tuyulardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:10:23
Nomenklatura hech kimga bildirmasdan g‘arb valyutasiga o‘tib oldi, ammo bu mablag‘ muntazam yetishmas, uni topish uchun esa har qanday chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor edilar. Uzluksiz ravishda davom etadigan xorijiy safarlar tufayli nomenklaturaning nafsi yanada hakkalak otib ketdi. Milliarderlarning hayot tarzi ularning fikru xayolini butunlay band qilib olgandi, G’arbning elektron apparaturasi, maishiy anjomlari, mebel, servis — bularning bari juda tez sur’atlarda yangilanib turadi, har oyda mukammallashtirilardi. Buning bari o‘zimizning tuzsiz va rangsiz buyumlarga solishtirganda juda afsonaviy va jozibador ko‘rinardi. Bu ne’matlarga tezroq erishishni xohlagan nomenklatura inson baxtining cho‘qqisi sifatida dollarga ko‘proq egalik qilishni istardi. Safari, seks-shou, besh yulduzli mehmonxonalar, Bagam, Kanar va Bermud orollari, charaqlagan quyosh, moviy osmon, talabalar kempinglaridan keladigan badani toblangan qizlar, hashamatli restoranlar — bularning bari badavlat nomenklatura saltanati muhitidan yer bilan osmoncha farq qilar ediki, ularning oldida xos o‘lka juda rangsiz va jozibasiz ko‘rinib qolardi. G’arbga talpinardi ular. Hali ko‘p narsaga qo‘l yetmasdi - neft va moliya qirollarining oppoq qordek kemalari, qimmatbaho qimorxonalar va kurortlar, millionerlarning imtiyozli klublari - bularning bari qaynoq va afsonaviy hayot. Hammasini sanab chiqish qiyin, lekin hammasiga egalik qilging keladi.

«Qizil terror» zamonlarida bobolar tomonidan talonchilik bilan yig‘ilgan italyan haykallari va farangi gobelenlarni zamonaviy fransuz va fin mebeli, mashhur Kuplerbush firmasi ishlab chiqargan oshxona anjomlari siqib chiqara boshladi. «Soni» va «Panasonik» firmasining audio va video tizimlariga, Belgiyaning havorang vannalariga, Italiyaning nafis tuvaklariga va yana boshqa ko‘pgina narsalarga ishqibozlar ko‘paydi. Ammo biror oy o‘tib-o‘tmay bularning bari eskirib qolardi. Nomenklatura ana shunga chidayolmasdi. Jinsilardan tortib yangi video tizimlarigacha hammasini yangidan sotib olish kerak edi. Pul yetkazib bo‘lmasdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:11:10
Pul topish esa kun sayin qiyinlashib borardi. Ishlab chiqarish sur’ati tushib borar, qashshoq aholining tinkasi qurib bitgan edi, xom ashyo ishlab chiqaruvchi zavodlarning uskunalari eskirib ketgandi. Zamonaviy zavodlar esa mamlakatni tanka-yu raketa, bombardimonchi samolyot-u suvosti kemalariga ko‘mib tashlashda davom etardi. Ammo, hatto, uchinchi mamlakatlarda ham asta-sekin ularga talab susayib borardi, chunki bu mahsulotlarning sifati tobora Amerikanikidan orqada qolib bormoqda edi.

Mamlakatni talon-toroj qilish davom etar va buning oqibatida yer osti boyliklari kamayib, iqtisodiyot izdan chiqib, halokat yaqinlashib kelardi. Amerika dollari SSSRning qashshoq hududidan sakrab o‘tib, nomenklatura saltanatiga yorib kirib bo‘lgan va amalda uni istilo etgan edi. Dollar borgan sari kuchayib borayotgan, surbetlik bilan o‘z maqomiga yurishga majbur qila boshlagandi.

Tabiiyki, Andropov shaxsan nomenklaturaning hamma ne’matlaridan foydalanardi. Ta’tilni Moviy sohilda Nisseda o‘tkazardi (hali kuchdan qolmagan kezlarida uning tevaragidan allaqanday sirli, oyoqlari kelishgan qizlar arimasdi), uning uchta farzandi taomilga ko‘ra xorijda o‘qir va diplomatiya sohasida ishlashga tayyorlanishardi. Ammo u nomenklaturaning haddidan oshib ketgan ochofatligini tiyib qo‘ymasa, hammasi halok bo‘lishini aniq-ravshan ko‘rib turardi. Shu jumladan, nomenklaturaning o‘zi ham. Uning xodimlari operativ kengashlarda tund qiyofada qo‘r to‘kib o‘tirishardi. Ular hayotlarini xatarga qo‘yib, har bir teshikka kirib chiqish va u yerlardan biri-biridan mudhishroq axborotlar olib kelishga tayyor edilar. Bularni ko‘rib Andropovda hali halokatning oldini olish mumkin degan xom xayol tug‘ildi. Buning uchun eski hukmdorlarni yo‘q qilib, uning o‘rniga davlat xavfsizligi xodimlaridan tashkil topgan yangi nomenklaturani qo‘yish kerak edi.

Sotsialistik tizim yana bir bor pand berdi — Andropov Lavrentiy Pavlovich Beriyaning xato yo‘lini tutdi, ammo uning achchiq taqdirini unutib qo‘ydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:12:12
Bu orada mamlakatning tobora ayanchli ahvolga tushib borayotgan iqtisodiyoti, shu jumladan, nomenklaturaning ham mushkul qismati partiya rahbariyatini G’arb mamlakatlari bilan munosabatlarni yumshatish siyosatini e’lon qilishga majbur etdi. Ular tobora qarib, aynib borayotgan Brejnevni G’arb mamlakatlariga yo‘lladilar. U imkoni boricha ko‘proq qarz undirib kelishi kerak edi. Bu qarzlarsiz nomenklatura ortiq yashayolmasdi. Tanazzul kuchayib bormoqda — jahon bozorida neft va boshqa xom ashyolarning narxi tushib, tillaning bahosi osmonga chiqib ketdi. Brejnev xorijga borib, neft ishlab chiqaruvchi uskunalarni yangilash va g‘alla uchun uzoq muddatli qarz so‘radi. Aslida ko‘p yillardan beri Amerika va Kanadadan g‘alla xarid qilishar va shu tufayligina mamlakatni ochlik balosidan bir amallab saqlab kelishayotgan edi. Mamlakat va tuzum, butun dunyoning ko‘z o‘ngida yashashga noqobil ekanini ko‘rsatib bo‘lsa-da, buni o‘jarlik bilan tan olishni istamas edilar. (SSSRga g‘alla sotish borasida AQSh kongressida muntazam bo‘lib turadigan muhokamalardan birida munozara bo‘lib ketdi — mantiq bormi o‘zi? SSSR o‘zining hamma pulini bizga qarshi tanklarga sarf qiladi, biz bo‘lsak, buning uchun uni boqishimiz kerakmi? AQShning o‘sha paytdagi davlat kotibi Genri Kissinjer bunga shunday javob berdi: «Qo‘yavering, ular o‘z tanklarida to‘q o‘tirgani yaxshi. Shunday bo‘lgani ma’qulroq. Aks holda otishmalar dollarning hujumiga xalaqit berishi mumkin»)

Andropov harakatga kirishdi.

Bir gal Brejnev bilan Qrimda birga dam olgan kezlarida Andropov fursatdan foydalanib, gap orasida dohiyga Ozarboyjon haqidagi axborotning uchini chiqardi. Ma’lumotlarga qaraganda, Oxundov Moskvaga o‘lponning hammasini to‘layotgani yo‘q, u neftni g‘ayriqonuniy tarzda sotmoqda, haddan tashqari katta miqdorlarda pora olmoqda, shu yo‘l bilan topgan behisob pullarini maxfiy ravishda xorijga o‘tkazmoqda. Andropov to‘plagan hujjatlar shu qadar ishonarli ediki, o‘zini shu qadar aldaganlari uchun tahqirlangan Brejnev Siyosiy byuro a’zolari bilan ham maslahatlashib o‘tirmay, yashirin politsiyaning xo‘jayiniga Ozarboyjonda «partiya-xo‘jalik faollarini almashtirish» borasida keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirishga ruxsat berdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:13:06
Andropov anchadan beri o‘ylab yurgan urush boshlandi.

U tuni bo‘yi VCh orqali Ozarboyjon KGBsining boshlig‘i Gaydar Aliev bilan gaplashib chiqdi. Andropovning po‘lat sandig‘ida Alievni ham fosh qiluvchi ancha-muncha hujjatlar saqlanardi — ular moskvalik uch chekistni qurbon qilish evaziga qo‘lga kiritilgandi. Ammo bu ishda Alievdan boshqa ishonchli odam yo‘q edi.

Aliev Ozarboyjon kompartiyasining Birinchi kotibi bo‘lishini sezib, o‘ta ayovsizlik bilan harakat qila boshladi. Butun Ozarboyjon bo‘ylab qama-qamalar, tintuvlar, tekshiruvlar, ishdan olishlar boshlandi. KGB va Prokuraturaning maxsus brigadalari Alievga yordamga tashlandi. Aliev respublika kompartiyasining Birinchi kotibi mansabini egallagandan so‘ng, taxminan 2000 (1983) kishini chekist-lar bilan almashtirdi. Ular bo‘shab qolgan har xil darajadagi nomenklatura o‘rinlarini egalladilar. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida juda katta o‘lja qo‘lga kiritildi. Video va kinokameralar odam bo‘yi keladigan qog‘oz pullarga to‘lib-toshgan yashirin joylarni, tilla tangalar va zargarlik buyumlariga to‘la temir bochkalarni, olmoslarga, oltin va platina yombilarga to‘la uch litrli bankalarni loqaydlik bilan suratga oldi. Suratlar yaqinroq keltirilganda pullardagi Jorj Vashingtonning aft-angorini tanib olish uncha qiyin emas edi.

Dollar! Ha, bu o‘sha valyuta! Shu valyuta cho‘ntagidan chiqqani uchungina ikki yuz mingga yaqin odam o‘sha kezlarda qayta tiklangan GULAGda tikanli simlar ortiga yo‘llangandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:15:08
Oxundov ensasi qotib istehzo qildi: «Bu it, — dedi u Alievnimi yoxud yana boshqa biror oliy rutbalik odamnimi nazarda tutib, — mening pullarimni o‘g‘irladi. Men ularni halol topgan edim. Xudoga shukur, u hammasini qo‘lga tushirgani yo‘q. Bu pul unga baxt keltirsin, uyi nurga to‘lsin, lekin pulni bunaqa yo‘l bilan topmaydilar».

Andropovning kayfiyati esa bundan ham badtarroq edi. Birinchidan, u kundalik va shoshilinch ehtiyojlar uchun atalgan arzimas miqdordagi mablag‘ qo‘lga olinganini tushunardi. Ko‘p yillar mobaynida o‘g‘irlangan mablag‘ning hammasi G’arb banklaridagi po‘lat devorlar ortiga juda ishonchli qilib yashirib qo‘yilgan edi. Ikkinchidan, Oxundov o‘g‘irlangan mablag‘ning uchdan birinigina olib qolar, ikki qismi esa Moskvaga yuborilardi. Bu-ku tushunarli-ya! Boshqa bir narsani anglab bo‘lmaydi: bu hol Andropovni shu qadar taajjubga solgan ediki, u, hatto, muovini general-polkovnik Pirojkovdan: «Hamma izlar Moskvaga olib kelyapti? Kimga?» — deb so‘raydi. Pirojkov esa o‘z rahbariga taajjub bilan qaraydi-da, jilmayib: «Bizgadir-da!» — deb javob beradi.

Ammo u qisman haq edi, xolos.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:15:49
Navbatdagi zarbaga Gruziya duch keladi.

Uning oqibatida Mjavanadze hokimiyatdan chetlatildi. Markazqo‘mning Birinchi kotibligiga esa general Eduard Shevarnadze saylandi. O’lja Ozarboyjondagidan ham ko‘proq edi, chunki Shevarnadze o‘z shovvozlariga qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan hamma qo‘rqitish usullarini, shu jumladan, jismoniy tazyiqni qo‘llashdan cho‘chimaslikni tayinlab qo‘ygandi. Dahshatdan rangi quv o‘chib ketgan kechagi raykom kotiblarini o‘lasi qilib kaltaklashdi, ular xazinalari yashiringan xufiya joylarni aytib berishdi. Natija chakki bo‘lmadi. Bu ishlarga KPSS Markaziy apparatidagilar ham daxldor ekanini tasdiqlovchi ko‘pgana dalillar aniqlandi, ammo ularning bir qismi Shevarnadze hamda Andropovning qo‘liga tushmay, allaqaylarda izsiz yo‘qoldi.

Yana operativ videokameralar to‘da-to‘da pul uyumlarini suratga oladi. Ularda yana jahon proletariati dohiysining sovuq turqi Vashingtonning zahil basharasi va Britaniya qirollarining takabbur qiyofasi bilan bamaylixotir yonma-yon turadi. Sharq gilamlarining rang-barang gullari ustida sochilib yotgan oltinu brilliantlarning jilolari allaqanday aql bovar qilmaydigan afsonaviy mo‘‘jiza kashf etadi. Kapitan Flint va kapitan Morganlarning xazinalari haqidagi Gollivud filmlarida biz shunga o‘xshash manzaralarni ko‘rgan edik. Flint bilan Morgan mashhur qaroqchilar bo‘lishgan, ular butun dunyoga dong taratgan milliarderlar sulolasiga asos solgan odamlar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:16:40
Shunday qilib, birinchi qadam qo‘yildi. KGB ikkita ittifoqdosh respublikada hokimiyatni bosib oldi va O’rta Osiyo respublikalarida ham jangovar harakatlarini boshlab yubordi. Ammo bu yerda bir cho‘qib qochish usuli ish bermadi. Mahalliy partiya va chekistlik tizimlari mafiya bilan juda ham chatishib ketishgan edi. Ular Moskvadan kelgan operativ-tergov brigadalari yo‘liga ahillik bilan g‘ovlar qo‘yishdi. Feodal-patriarxal xulq-atvor bu respublikalarda o‘zlarining Alievlari va Shevarnadzelarini tezda topishga imkon bermaydi. «Birovning moli baxt keltirmaydi, - dedi general Niyozov unga Kavkaz varianti bo‘yicha Rashidovning o‘rnini taklif qilishganda. — Bundan tashqari, bu oila pullarini halol topgan»...

O’rta Osiyo bosqini muvaffaqiyatli chiqmadi va Andropov buni tan olishga majbur bo‘ldi. Andropov jo‘natgan chekistlar bu yerda darhol turli mojarolarga ilashib qolaverishdi. Bittasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z avtomobilida ushlashdi, guvohlarning ko‘z o‘ngida avtomobildan ichi to‘la pul solingan «diplomat» topishdi. Pora bergan odam avvaldan ariza bilan murojaat qilgan ekan. Boshqa birini voyaga yetmagan qizni zo‘rlashda ayblashdi. Uchinchisini allaqanday ziyofatdan keyin kasalxonaga olib ketishdi, uni bir amallab o‘limdan saqlab qolishdi.

Andropov ishga solmoqchi bo‘lgan yuksak martabali odamlar muloyim tabassum bilan qo‘llarini qovushtirib turishsa-da, kosa tagidagi nim kosani anglamayotganlari yuz-ko‘zlaridan shundoqqina ko‘rinib turardi, axir, biz Moskvaga — katta og‘amizga tegishli ulushni muntazam ravishda o‘z vaqtida berib turibmiz-ku! Yo katta og‘amizga kamlik qilyapti-mi? Shunday bo‘lsa, boshimizni qotirmasdan ochig‘ini aytish kerak. Mo‘‘tabar odamlarni shubha ostiga olishning nima hojati bor?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:18:23
Natijada Andropovga Kreml tomonidan shunaqa ta’na-dashnomlar yog‘ildiki, KGB xo‘jayinining a’zoyi badani qaqshab ketdi. Bunaqa katta ishlarni amalga oshirish uchun hali kuchi kamligini tushundi u. Yana boshqa bir narsa ayon bo‘ldi: hamma yo‘llar Moskvaga olib keladigan bo‘lsa, respublikalarda tartib o‘rnatishdan foyda yo‘q. Respublikalardan tonnalab pulni musodara qilasan, lekin keyin u qayoqqa goyib bo‘lib qolganini KGBning xo‘jayini ham aniq ayta olmaydi. Davlat foydasiga? Ha, albatta, buni har bitta maktab bolasi ham biladi. Ammo ana shu «davlat foydasiga» degan dona-dona ohangdor so‘zlarning ma’nosi nima? Ularning bor-yo‘q siri shuki, bu «KPSS foydasiga» degani. Chunki partiya ko‘pdan beri komil ishonch bilan Lyudovikning: «Davlat degani menman!» - degan mashhur so‘zlarini takrorlab kelyapti. Shunday deyishga to‘la asoslar ham bor. Shunday ekan, Andropov va uning chekistlari tomonidan g‘ayrat bilan amalga oshirilgan xatti-harakatlarning hammasi partiya boyliklarini KPSSning Markaziy organlari foydasiga qayta taqsimlash uchungina sarflanayotgan ekan-da? Albatta. Axir uning o‘zi ham ana shu Markaziy organlarning vakili emasmi? Agar u o‘zining o‘tga, suvga urib erishgani, faqat ikki respublikadagi eng muhim mansabga o‘z odamlarini joylagani bo‘ldi, xolos. Ular kelgusida oliy hokimiyat uchun kurashda Andropovning ittifoqchilariga aylanadi. Andropov bu yo‘lda birinchi qadamini qo‘ydi. Musodara qilingan boyliklar esa Davlat banki qa’riga tushib g‘oyib bo‘ladi. Bu o‘rinda, hatto, Andropov ham nazoratni yo‘qotib qo‘yadi. Bu partiyaning oltini, u esa partiyaning askarlaridan bittasi, xolos. Shunday bo‘lsa-da, chekistlarning chehralarida alam izlari bor edi. Ularning hafsalasi pir bo‘lgani sezilib turardi.

IIVda esa musodara qilingan narsalarning hammasini «davlatga» topshirishni xayollariga ham keltirishmaydi. Ichki Ishlar Vaziri - Andropovning qudratli raqibi armiya generali Shchelokov IIV tizimida yopiq magazinlar tarmog‘ini ochgan. Bu yerda hatto oddiy xodimlarga ham (har xil polkovnigu podpolkovniklarga) arzon baholarda turli-tuman jinsilar, po‘stinlar, elektronika buyumlari, antiqa mollar sotishadi. Ular har yili qamoqqa hukm qilingan yuz minglab odamlardan musodara qilingan bo‘ladi. Vazirlik rahbariyati haqida-ku, gapirishning hojati yo‘q.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:20:34
Andropov buni biladi. U Ichki Ishlar Vazirligining olib borayotgan o‘yini o‘zi o‘ylab qo‘ygan o‘yinga qaraganda maydaroq ekanini ham his qiladi. IIV mamlakat aholisini tala-tala qilib yotipti, ammo ixtiyoridagi qo‘llanmada vazir muovinlari darajasidan yuqoridagilarga daxl qilish taqiqlab qo‘yilgan. Partiya tizimini oladigan bo‘lsak, Ichki Ishlar Vazirligining bironta xodimi, darajasidan qat’iy nazar, hatto, raykom ostonasiga ham yo‘latilmaydi. Hatto, biron qotillikning izlari raykomga kelib taqalganda ham vazirlik xodimlari bu yerga qadamranjida qilolmaydi. Ammo IIV bu yerga bosh suqishmaydi — u allaqachon o‘zining oltin konini topib olgan. Mamlakatdagi ahvol shunaqaki, ko‘zingni yumib turib, istagan xo‘jalik xodimini, savdo yoki ta’minot vakilini yoqasidan olib siqishtirsang, o‘g‘irlagan narsasi yomg‘irday yog‘iladi. Uni musodara qilib, tegishli qismini «davlat» foydasiga topshiraverasan. Albatta, o‘zingni ham quruq qoldirmaysan. G’arbda inqilobdan avvalgi rus antiqa buyumlariga qiziqish hech qachon so‘nmagan, hozir esa unga qiziqish yana ham kuchaygan, binobarin, narxi bugun juda baland. IIV qisqa fursatda antiqa buyumlarni xorijga olib ketish yo‘llarini xam joriy etdi. Antiqa buyumlar bilan savdo qiluvchi magazinlarning hammasi IIV organlarining filialiga aylandi.

Antiqa buyumlarni yigadigan barcha odamlar hisobga olindi. Ularning hammasini asta-sekin sud jarayonidan o‘tkazishdi va yiqqan kolleksiyalarini bitta qo‘ymay musodara qilishdi. Tintuv vaqtlarida hamma narsa, albatta, olib ketilardi, chunki natija avvaldan qanday bo‘lishi ma’lum edi. Ahyon-ahyonda bironta odam o‘zining halolligini, kollektsiyasini halol yo‘l bilan topganini isbot qilishga muvaffaq bo‘lsa yoki biron nomdor odamning (kamida Galina Brejneva darajasida) kafolatiga ega bo‘lsa, o‘shanda ham tortib olingan buyumlarini qaytarib olishi amri mahol edi. Bunday odam o‘nta chiqsa chiqadi yo chiqmaydi... Musodara qilingan antiqa buyumlar IIVning Moskvada Ogaryov ko‘chasida joylashgan ko‘rgazmalar zaliga qo‘yilardi. Tabiiyki, bu maxsus zal bo‘lib, unga hamma ham kiritilavermasdi. Partiya apparatida ishlaydigan katta amaldorlar ba’zi buyumlarni o‘zlari uchun tanlab olishardi-da, qolganlarini xorijda valyutaga sotishga rozilik berishardi. Shunday qilib, IIV o‘ziga va jinoyat dunyosiga xos vositalarni ishga solib, partiyaning oltin boyligini uzluksiz to‘ldirib turardi.

Zarur hollarda jinoyatchilarni muzeyga ham yo‘llashardi. Bunda bir-ikki daqiqa mohir qo‘llar signalizatsiyani o‘chirar va soqchilarni uxlatib qo‘yar, ba’zan esa o‘ldirishdan ham qaytmasdi. Jinoyatchilar tarixiy ahamiyatga molik boyliklarni o‘g‘irlab ketishardi. (Yetmish yil davom etgan uzluksiz talon-torojdan keyin ham boyliklarini tag-tugigacha o‘g‘irlab bitirisha olmagan ekanlar, demak, rus xalqi benihoya ko‘p go‘zalliklar yaratgan ekan-da!) Bunday voqealarga odamlar ortiq ajablanmay qo‘yishgan edi. Axir KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining Birinchi kotibi Romanov Ermitajda saqlanayotgan Yekaterina II ning servizini ishlatishni buyurgan-ku! Keyin qizining to‘yida mast bo‘lib qolib, servizni chil-chil sindirgan. Shunda ham hech gap bo‘lgan emas. Bironta odam miq etib og‘iz ochmagan!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:21:32
Antiqa buyumlarni yig‘ib yurgan odamlarning hammasi bir bo‘lak kattakon qahrabodan yo‘nib ishlangan maymuncha haykalini yaxshi bilishardi. U Moskvadagi xorijiylarga xizmat ko‘rsatadigan «Opal» magazinining vitrinasiga qo‘yilgan edi. Badavlat sayyohlar vitrinada turgan bu go‘zal buyumni xarid qilishga bir necha bor chog‘lanib ko‘rdilar, ammo har gal «bu buyum milliy boyligimiz, u sotilmaydi», degan javobni oldilar. Kunlardan birida maymuncha vitrinadan g‘oyib bo‘lib qoldi. Moskvada ish yurituvchi Amerika muxbirlari bu yangilikni eshitib magazinga yopirilib kelishdi va uning mudiri-yu sotuvchilarini savollarga ko‘mib yuborishdi. Sotuvchilar «sotildi» degan gapdan boshqasini aytmadilar, ma’muriyat vakillari esa ko‘zlarini lo‘q qilib, yelka qisishdan nariga o‘tmadilar. Ular Brejnevning kuyovi va Shchelokovning muovini, IIV generali Churbanovning buyrug‘i bilan magazin direktori yarim kechada yotgan joyidan turg‘azib olib kelingani va shundan keyin qahrabo haykalcha g‘oyib bo‘lganini qanday ham aytishsin? Agar Churbanovning gapiga ishonilsa, u xotini Galina Leonidovnaning xohishini qondirish uchun shunday qilgan. Taqdir taqozosi bilan Churbanovning o‘zi qamoqxonadan benasib qolmadi. Bosh kotib qizining behisob kvartiralari va dala hovlilarida son-sanoqsiz tintuvlar o‘tkazildi, ammo maymuncha izsiz yo‘qolgan edi. Uni topib bo‘lmadi. U allaqachon dollarga aylanib ketgandi. Shu tarzda maymuncha G’arbda kimningdir xususiy kollektsiyasidan o‘z o‘rnini egalladi.

Atoqli kino yulduzi Zoya Fyodorovaning juda ham noyob, qadimgi ustalar ishlagan brilliant taqinchog‘i bor edi. Uni o‘z vaqtida aktrisaga eri — urush yillarida Moskvada diplomatik xizmatda bo‘lgan Amerika admirali sovg‘a qilgandi. Urushdan keyin Stalin joriy qilgan sotsialistik turmush tarzi qoidalariga binoan admiralni mamlakatdan badarg‘a qilishdi. Zoya Fyodorovani esa qamoqqa jo‘natishdi. Aftidan, o‘z qismatini oldindan sezgan aktrisa taqinchog‘ini omonatga yaqin do‘stlariga berib qo‘ygan va shu tufayli taqinchoq asrab qolingandi. Valyuta yetishmasligi va bosib kelayotgan iqtisodiy halokatdan cho‘chigan Brejnev xalqaro sohada yumshoqroq siyosat yurita boshlagandan so‘ng aktrisa Qo‘shma Shtatlarga — erining yoniga ketmoqchi bo‘ladi. Unga ruxsat beradilar. Ammo brilliant taqinchoq chegaradan o‘tkazilmaydi — bunaqa qimmatbaho buyumga maxsus ijozat talab qilishadi. Fyodorova ijozatnoma olish uchun Moskvada uch-to‘rt kun qolishga qaror qiladi. U taqinchog‘ini bojxonada qoldirib ketaverishi ham mumkin edi, biroq bunday qilolmadi, chunki u yoshlik yillaridan, yoshlikdagi yolg‘iz yorqin muhabbatidan yodgorlik edi. Bu muhabbat aktrisaga juda qimmatga tushdi. Bir necha kundan keyin uni o‘z uyida bo‘ynidan otib o‘ldirib ketishdi. Taqinchoq esa anchadan keyin general Shchelokovning buyumlari ichidan chiqdi. Bu buyumlar ichida faqat taqinchoq emas, boshqa narsalar ham bor edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:22:24
Bularning baridan Andropov xabardor edi. U IIVning ishlariga KGBni jalb qilishga urinib ko‘rdi. Shuning uchun «yuksak tarixiy-badiiy qimmatga ega bo‘lgan buyumlar» bo‘yicha ishlarni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘ldi. IIV raqiblarini o‘zlari yem yeb yurgan oxurga sheriklik qilishlarini istamay, jon-jahdlari bilan qarshilik ko‘rsatishdi, lekin shunga qaramay, «istisno hollarda birgalikda tadbirlar o‘tkazishga» ko‘nishga majbur bo‘lishdi. Bundan avvalroq Andropov o‘zining bir guruh ofitserlarini OBXSS tizimiga joylashtirishga muvaffaq bo‘lgan va mayda hamda o‘rta valyutachilar bilan shug‘ullanadigan «maxsus» militsiyani, bir oz bo‘lsa-da, nazorat ostiga olgan edi. Ammo ayon bo‘ldiki, antiqa buyumlar borasidagi ishlar unchalik oson va yengil emas ekan.

Akademik Chudnovskiyning uyiga kuppa-kunduz kuni bir to‘da bosqinchilar bostirib kiradi. Rasmiy til bilan aytganda ularning «Kavkaz millati»ga mansubligi yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Jinoyatchilar akademik kollektsiyasidagi suratlarga ko‘z olaytirishgan edi. Akademiklar bilan qiyin-da! Boshqa ko‘pgina kollektsionerlar qatori unga «yiqqan narsalaringni halol mehnat qilmay topgansan» deb ayb qo‘yib bo‘lmaydi. Shunday ekan, uning antiqa buyumlarini «davlat foydasiga» musodara qilish qonuniy ekanini ham isbotlash mumkin emas. Shuning uchun akademiklarga boshqacha usul qo‘llangan. Bosqinchilar uy egasini bog‘lab qo‘yib, ramkalardan Matissning bir nechta favqulodda qimmatbaho suratlarini chiqarib olishdi. G’arbda xuddi shu kezlarda Matissga ishqibozlar ko‘paymoqda edi. Jinoyatchilardan biri ramkadan suratni tilib olayotib, shoshilinchda bexosdan barmog‘ini kesib oladi. «Kavkazliklar» ishni bajarib, g‘oyib bo‘lishadi.

Bu ish taftishini KGB o‘z qo‘liga oladi. Jabrlangan akademik jinoyatchilar qiyofasini aniq chizib beradi. Ko‘pni ko‘rgan xodimlar darrov payqaydiki, gap bokulik jinoyatchilar guruhi haqida ketyapti. Shunga o‘xshash boshqa bir nechta o‘g‘irlikda ham bu guruhning izlari qolgan edi. Boku bilan bevosita maxsus aloqa tarmog‘i benuqson ishlardi. Bir soatdan keyin Moskvadan Ozarboyjon KGBsiga jinoyatchilarni qamoqqa olish haqida buyruq keladi. Ishkal chiqmasin uchun jinoyatchilarning ism-familiyalari ham ko‘rsatilgandi. Bokudagilar esa Moskvadan kelgan ma’lumotni sinchiklab o‘qib chiqib, javob berishdi: «Ha, bu guruh yaxshi ma’lum, ammo bu yerda adashilgan ko‘rinadi, chunki ro‘yxatdagi odamlarning Isroil vizasi bilan xorijga chiqib ketganiga bir yil bo‘ldi». Bu javobni ko‘rib Moskvadagilar hang-mang bo‘lib qoldi. Ammo KGB anoyi emas — vaqti kelganda u, hatto, o‘zi-o‘zining gapiga ishonmaydi va tabiiyki, faqat rasmiy yo‘llar bilangina kifoyalanmaydi. Xufiyalar bilan aloqa bog‘lab surishtirilsa, to‘daning hamma a’zolari bamaylixotir Bokuda ayshini surib yurgan ekan, hech kim hech qaerga jo‘nab ketmoqchi ham emas, aksincha, yaqinda Italiya safaridan qaytishibdi. Bir dunyo valyuta olib kelishibdi.

Andropov o‘zini tahqirlangan deb bildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:24:14
Chaqqon xodimlardan tuzilgan maxsus dasta hech kimga sezdirmay, konspiratsiyaning barcha qoidalariga amal qilib Bokuga uchadi. Shahar yaqinidagi harbiy bazalarning birida ularni uchishga shaylanib turgan samolyot kutib turardi. Shaharda to‘dani bir zumda shovqin-suronsiz qo‘lga oladilar, avtomobilga bosib, harbiy bazaga olib boradilar va mahalliy KGB bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib, Moskvaga yo‘l oladilar.

Jinoyatchilarning shaxsiyatini aniqlash silliqqina o‘tadi. Yuz belgilari, qo‘llaridagi chandiq — hammasi to‘g‘ri keladi. KGB polkovnigi akademikning qo‘lini qisib, uni ham, o‘zini ham muvaffaqiyat bilan tabriklaydi va tergov ishlari bir oyga ham cho‘zilmasligini ma’lum qiladi. Bir hafta o‘tgach, akademikni yana tergovchi chaqirtiradi. Polkovnik uning boshi osha allaqayoqqa — yuqoriga qarab, dudmollana-dudmollana tergov ishi tugagani, dalillar yetishmagani uchun ish to‘xtatilganini ma’lum qiladi. Akademik oh-voh qilib o‘tirmaydi, taajjub izhor qilib tortishmaydi-da, ishning bunaqa tus olgani uchun kimga shikoyat qilish mumkinligini so‘raydi. Bir oz sukutdan so‘ng polkovnik javob beradi: «Agar shaxsan o‘rtoq Brejnevga ayta olsangiz, shikoyat qilishingiz mumkin». Polkovnik o‘ziga buyurilganlarini bajo keltirdi. Bunday firibgarlikka chiday olmagan akademik xastalanib kasalxonaga tushadi.

Ammo asl haqiqatni bilganlarida ularning ikkovi ham bundan battarroq larzaga tushar edilar. Bu ish tufayli Andropov Stalin zamonasidan beri ko‘rmagan tahqirlanishlarni ko‘rdi. Bir vaqtlar generalissimus Andropovning urush vaqtida ittifoqchilar bilan aloqada bo‘lganini eslab, uni asfalasofilinga jo‘natishiga sal qolgan edi. Chunki dohiy ajnabiylar bilan bo‘ladigan har qanday aloqa sovet kishisini imperialistik razvedkaga yollash bilan tugashiga astoydil ishonardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:24:58
Andropovni Siyosiy byuro a’zosi va partiya bosh mafkurachisi Suslov huzuriga chaqiradi. Uning xonasida KPSS Markazqo‘mining xalqaro bo‘limi mudiri Boris Ponomaryov ham bor edi. Suslov quruqqina ohangda nega Andropovning odamlari ittifoqchi respublika poytaxtida bezorilik qilayotganini, nega u yerga borganlarini, hatto, mahalliy partiya rahbariyatiga ham ma’lum qilmaganini so‘radi.

Andropov gap o‘ta xavfli jinoyatchilarni ushlash haqida borganini, fursat juda kamligi uchun respublikalararo muvofiqlashtiraman deb rasmiyatchilik qilib o‘tirilsa, reja barbod bo‘lishi mumkinligini tushuntirishga urinadi. Bunga javoban Suslov qahr bilan biror shaxsning jinoyatchi yoxud bezori ekanini faqat sud aniqlay olishini, bu vazifa xavfsizlik organlari zimmasiga kirmasligini, bu borada bir qator partiya hujjatlari va s’ezdlarning qarorlari borligini uqtiradi. Bu hujjatlarni Andropov chuqurroq o‘rganib chiqsa chakki bo‘lmasligini aytadi. Avj olib kelayotgan nifoqning mohiyatini to‘la anglab yetmagan KGB xo‘jayini partiyaviy bosh mafkurachiga hang-mang bo‘lib qarab qoladi. Bu orada gapga Ponomaryov aralashadi. Boris Ponomaryov KPSS Markazqo‘mi apparatida qo‘li uzun odamlardan edi. Bu qo‘l shu qadar uzun ediki, Ponomaryov rahbarlik qiladigan Markazqo‘m xalqaro bo‘limining ishi to‘g‘risida, hatto, Andropov ham to‘la ma’lumotga ega emas edi. Andropov ortiqcharoq biron narsa bilishga urinsa, uning xatti-harakatlari maxfiylik devorlariga urilib chilparchin bo‘lar yoxud yolg‘on-yashiq gaplar, mish-mishlar, rivoyat va afsonalar to‘lqiniga g‘arq bo‘lib ketardi.

Andropovning odamlari qo‘llarida xorijiy valyuta to‘ldirilgan chemodanlar bilan butun dunyo bo‘ylab izg‘ib, Markazqo‘m xalqaro bo‘limi xizmatini bajarardilar. Bu chemodanlarni ular xilvat joylarda turli qardosh kompartiyalar vakillariga, so‘l guruhlar va son-sanoqsiz terrorchi tashkilotlarning odamlariga topshirardilar. Choparlar bergan chala-yuluq axborotlardan sodir bo‘layotgan voqealarning to‘la manzarasini anglab olish amri mahol edi. Hamon eski konspiratsiya usullari amalda edi. Bu usul XX asrdagi eng iste’dodli jinoyatchilar — Parvus bilan Leninning dohiyona miyalarida tug‘ilgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:25:32
Jussasi kichik, ozg‘in va o‘ta harakatchan Ponomaryov nomenklatura xodimlariga xos bo‘lmagan ajib bir ishchanlikka ega edi. U jahon mamlakatlari bo‘ylab shaxsan kezib yurar, sayyoradagi hamma kompartiyalarning bosh kotiblari huzuriga, shu jumladan, Brejnev huzuriga ham tundami, kundami - istagan vaqtida kirishi mumkin edi. G’arbiy Germaniyadan olib kelingan ko‘zoynagining qalin shishalari orqali Andropovga tikilib turib, g‘ijirlagan ohangda unga sotsialistik qurilish duch kelayotgan muammolar haqida ma’ruza o‘qiy boshladi. «Kommunistik jamiyat qurilishi, - deb uqtirdi Markazqo‘m xalqaro bo‘limi mudiri, — hozirgi paytda ayrim shaxslar tomonidan sotsialistik davlat tizimini inkor qilish tarzidagi qarshiliklarga duch kelmoqda. Yashirishning hojati yo‘q — G’arb targ‘iboti ta’siriga berilish oqibatida butunlay aynigan aholining muayyan tabaqalari ham qarshilik ko‘rsatayotganlar safida. Markaziy Razvedka Boshqarmasi sovet kishilari o‘rtasida meshchanlik mafkurasini tarqatish, ularda hashamatga ishtiyoqni, bebosh iste’molchilik psixologiyasini singdirish uchun qancha kuch va qancha mablag‘ sarflayotganini hech kim bilmaganda ham Andropov yaxshi biladi-ku!»

Taajjubi oshgandan-oshib, Andropov e’tibor bilan tinglab o‘tirardi. Albatta, uning o‘zi ham «partiya tilida» gapirishga ustasi farang edi, ammo u ham hamma singari bu tilni yaxshi anglamasdi.

«Shuning uchun partiyamizning kommunistik qurilish sohasidagi siyosati, — deb davom etdi Ponomaryov, — avvalgidek Marks va Leninning yagona sotsialistik vatan hududida umumiy tenglik haqidagi o‘lmas g‘oyalariga asoslanadi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:26:47
Ortiq chidayolmagan Andropov: «Bu gaplarning hammasi to‘g‘ri, albatta, lekin ularning qurolli bosqinga nima daxli bor? Axir, bu bosqin oqibatida Matissning bir necha million dollar turadigan suratlari o‘g‘irlandi», - deb so‘radi.

«Gap shundaki, — deb tushuntirdi Ponomaryov, — qimmati bir necha million dollar turuvchi Matissning suratlari har bir xonadonning devorida osig‘liq turmaydi. Bu hol sinfsiz jamiyatda sinfiy tengsizlik muhitini tug‘diradi. Shunday buyumlar borki, mafkuraviy mulohazalarg‘a ko‘ra ham shu buyumlarning xavfsizligini ta’minlash uchun, ular xususiy odamlar qo‘lida saqlanishi mumkin emas. Sodir bo‘lgan mojaro ham bu gapning to‘g‘riligini tasdiqlaydi».

Bo‘shliqqa tikilib o‘tirgan Suslov bu gaplarni ma’qullab bosh irg‘adi.

«Xo‘sh, qani o‘sha suratlar?» — deb so‘radi Andropov tishlarini qisib. U Markazqo‘mning xalqaro bo‘limi mudiridan ko‘zini olmay tikilib turardi.

Ponomaryov o‘tirgan joyida sakrab tushdi.

«Qiziq ekansiz-ku! Axir, gap suratlar haqida borayotgani yo‘q, - dedi u xunob bo‘lib. — Gap odamlar haqida boryapti. Siz sotsialistik qonunchilikning hamma normalarini buzib, ularni Bokuda qo‘lga olibsiz. O’rtoq Aliev (Andropov chuqur tin olib, ko‘zlarini yumdi) qattiq norozi bo‘lib shaxsan Leonid Ilichga qo‘ng‘iroq qilibdi. Leonid Ilich bu masalani Siyosiy byuroga qo‘ymoqchi. Partiya hamisha o‘zboshimchalik va qonunsizlikka qarshi kurashib kelgan va bundan keyin ham kurashajak».

Ponomaryov hamma sifatlaridan tashqari yana akademik ham edi. Shuning uchun u bilan bahslashib o‘tirishdan ma’no yo‘q.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 10 Sentyabr 2012, 00:27:41
KGBning tergov boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Qurbonovga bokuliklarni bo‘shatib yuborish haqida buyruq berar ekan, Andropov istehzo bilan jilmayib dedi: «Endi hech kimnikiga mehmonga bormayman. Birortasining uyida noyob suratlarni ko‘rib qolmay tag‘in...»

«Kimnikida ko‘rib qolishingiz mumkinligini aytib bera olaman», — dedi zaharxanda bilan Qurbonov.

«Hozircha kerak emas, — deb uni qaytardi Andropov, - so‘raganimda aytarsiz...» Uning o‘zi ham suratlar yig‘ar, fransuzlarning shahvoniy bronza haykalchalariga o‘ch edi, mashshoqlik ham qilar va hatto, Mao Sze-dunga o‘xshab she’rlar yozib turardi. Shuning uchun bu gap uning izzat-nafsiga tegdi.

«Yengilmas kuchlar tazyiqida» u anchagina marralardan chekindi. Xodimlaridan bir qismi dollarda va sertifikatlarda maosh ola boshladi. U Markazqo‘mga yashirin maktublar yo‘llay-yo‘llay bunga zo‘rg‘a erishdi. Poraxo‘rlik aniq nishonga yo‘naltirilgan radiatsiya kabi to‘siq bilmay hamma sohaga kirib bormoqda. KGB xodimlarini bu ofatdan asrash zarur. Afsuski, KGB odamlari o‘rtasida ham poraxo‘rlik hollari ro‘y berdi. Bu illatning oldi olinmasa bo‘lmaydi. Ba’zi bir chekistlar pora tufayli otib tashlandi. Hukmlar shitob bilan chiqarildi va shitob bilan ijro etildi. Tadbir zudlik bilan amalga oshirilganiga qaraganda, qatl qilinganlarning boshliqlari ham bu ishga daxldor bo‘lsa kerak. Ammo ayrim bo‘limlarning xodimlariga maoshni valyutada to‘lash busiz ham o‘zaro qirpichoq bo‘lib yotgan temir Feliks avlodlarini bir lahzada parchalab yubordi. Valyutadan bebahra qolgan bo‘linmalar noroziliklarini namoyish qilib, har xil da’volarni ro‘kach eta boshladilar. Ba’zilarni organlardan bo‘shatishga to‘g‘ri keldi, ba’zilarni ma’muriy tarzda jazoladilar. Chekistlarga ma’ruzalar o‘qildi, suhbatlar o‘tkazildi. Ammo ular har jihatdan ham bema’ni edi. Xodimlar ensasi qotganini yashirmas, ba’zilar esa oshkora mudrab o‘tirishardi. Boshqarmalar bo‘yicha zudlik bilan harbiy savdo tarmoqlarining yopiq magazinlarini ochishga to‘g‘ri keldi. Bu magazinlar kichik va o‘rta ofitserlar tabaqasiga mo‘ljallangan bo‘lib, u joriy pulimizga savdo qilardi. Unda arzon jinsilar, Belgiya kostyumlari, «Safari» ko‘ylaklari, xorij sigaretlari, oziq-ovqat mahsulotlari bor edi. Odamlarga jon kirdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:07:41
Andropov shaxsan o‘zi xodimlari uchun turarjoy olishda imtiyozlarga erishish uchun viloyatlarda qattiq harakat qildi. Unga viloyat va shahar qo‘mitalaridagilar qarshilik ko‘rsatishdi. Ayniqsa, shahar ijroqo‘mlaridagi amaldorlarning noroziligi qattiq bo‘ldi, chunki ular imtiyozlar asosida turarjoy berish borasidagi qonuniy «haqlari»ning bir qismidan mahrum bo‘lishardi. Bu tadbirlardan uncha naf tegmadi. Andropovning kotibiyati uy olish yoxud uy-joy sharoitini yaxshilashni so‘rab yozilgan arizalarga to‘lib ketgan edi.

Hammalari birgalikda Birinchi Bosh boshqarmaga haddan tashqari hasad qilishardi. Bu Boshqarma (PGU) tashqi razvedka bilan shug‘ullanardi. Unda iste’dodsiz xodimlar aql bovar qilmaydigan darajada ko‘p edi. Andropovning nomiga yozilgan maxfiy ma’lumotnomalarida KGB kadrlar boshqarmasining boshlig‘i general Chebrikov buni bir necha marta ta’kidlagan. Turli-tuman tegma noziklar va oliy rutbadagi nomenklaturaning arzandalari o‘zini tashqi razvedkaga urardi, chunki bu davrga kelib, bir zamonlar qahramonlik va shijoat talab qilgan kasb kutilmaganda mutlaqo bexatar bo‘lib qoldi. Ammo u avvalgiday nufuzli va foydali hisoblanardi. Razvedkachilar G’arbda vaqtining ko‘p qismini diplomatik pasportlar panohida o‘tkazar, ko‘pincha APN va Aeroflotdan Goskonsertgacha bo‘lgan turli xil muassasalarning xodimlari tarzida ish yuritar, valyutada maosh olar, xar xil operativ ishlar uchun ham katta pul olishardi. Ular o‘zlarining ertakdagiga o‘xshash hayotidan juda huzurlanishardi. Ularning ishi mutlaqo xatarsiz bo‘lib, sirlari ochilib qolganda, nari borsa mamlakatdan chiqarib yuborishardi. Shuning uchun chet ellarda ular rohatu farog‘at ichida hayot kechirar, ba’zan esa oshkora chop etiladigan G’arb jurnallaridagi ba’zi maqolalarni tarjima qilib, ularni zo‘rg‘a topilgan yashirin axborotlar sifatida markazga jo‘natishardi. Buning ustiga ular osongina G’arb kontrrazvedkalariga ham yollanaverar edilar. Ba’zan esa ularning tuzog‘iga ilinib qolganlarini o‘zlari payqamas ham edilar. Moskvaga keladigan chin va yolg‘on-yashiq axborotlar juda ko‘payib ketdi. Shu qadar ko‘paydiki, ularni mavjud ibtidoiy vositalar yordamida qayta ishlash va o‘zlashtirishga imkon bo‘lmay qoldi. Axborotlar oqimiga ko‘milib ketish xavfi tug‘ila boshladi.

Vashingtondagi ministrliklar idoralaridan tortib o‘z mamlakatidagi xonadonlargacha — hamma joydagi gap-so‘zlar xufiya yozib olingan minglab kassetalar o‘rganilmasdan yotardi. Millionlab ma’lumotnomalar, hisobotlar, axborotlar o‘qib ham ko‘rilmasdan arxivga jo‘natilardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:11:23
SSSR bilan G’arbdagi ma’lumot darajasi va texnik tayyorgarlik sohasidagi farq ham tobora kuchayib bormoqda edi va bu ham ishga ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi, AQShdagi bitta rezidentga katta pul evaziga 1942 yilda ishlab chiqilgan gidrolokator chizmalarini keltirib berishdi. Ammo Moskvadagilar uning sirini tez ochishdi. Holbuki, murakkabroq holatlar ham bo‘lgan. Amerikaning go‘yo maxfiy texnik ishlari va hisob-kitoblari qo‘lga kiritilgan bo‘lardi-yu, ularni tegishli ilmiy-tadqiqot institutlariga yuborishib, ularga shu yo‘nalishda ish olib borish topshirilardi. Ko‘p ming kishilik jamoa yillab mehnat qilib, bu yo‘nalishning istiqboli yo‘q, u boshi berk ko‘chaga olib boradi, degan xulosaga kelardi. Ammo buni hali mansabdorlarga isbot ham qilish kerak edi. Isbotlash esa qiyin edi, chunki amerikaliklar kompyuterda qilingan ko‘p jildlik hisob-kitoblarida atayin xatolarga yo‘l qo‘yardilar. Buni navbatdagi samolyot qulab tushganida, raketa portlaganda yoki sinov uskunalari bo‘lak-bo‘laklarga parchalanib ketgandagina tushuna boshlar edilar.

Ammo hali bu ham holva edi. Eng yomoni shu ediki, razvedka o‘zi bilmagan holda mag‘lubiyatga mahkumligimiz muqarrar ekanidan dalolat beruvchi ma’lumotlar yo‘llardi.

G’arbda uncha qiynalmay chorak bahosiga (atigi uch million dollarga) Amerikaning «Fantom» degan qiruvchi-bombardimonchi samolyotini sotib olishga muvaffaq bo‘lindi. Sovet mutaxassislari uni ko‘rib chiqib, ichi elektron uskunalariga to‘lib-toshganidan hayratga tushishdi. Bu samolyot shunga o‘xshash sovet samolyotlari bilan taxminan bir xil aerodinamik xususiyatlarga ega edi. Ularning manevr qilish qobiliyatlari ham bir-biriga yaqin edi. Ammo «Fantom» o‘z elektronikasi tufayli sovet samolyotini ancha oldin va ancha olisroq masofada topib, mahv etish imkoniga ega edi. Bu samolyotdagi topish, qarshi kurashish va mahv etishga xizmat qiluvchi asbob-uskunalarning biror qismini sovet sanoati ko‘chirib olib, yangidan barpo etishga layoqatsiz edi. Elektronika haqida Stalin aytgan, «bu marksizmga yot juhudlarning soxta fanidir», degan tarixiy so‘zlaridan boshlangan eski xastalik surunkali davom etadigan bedavo dard bo‘lib chiqdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:12:30
Havo janglarida qo‘llanuvchi «Skayuinder» degan Amerika raketasi ham zarbalarining samaradorligi bilan dong chiqargan edi. Uni ham ortiqcha qiyinchiliklarsiz yarim bahosiga sotib olishdi. (Keyin ma’lum bo‘lishicha, undan ham arzonroqqa olishgan ekan. Razvedkachilar ham qora kunlarni o‘ylab, mablag‘lardan muntazam urib qolishni odat qilgan edilar.) Yana ikkita raketa esa deyarli bepul qo‘lga kiritildi. Ularni Vetnam partizanlari Janubiy Vetnamdagi allaqanday harbiy bazadan qiruvchi samolyotlarning shundoqqina qanoti ostidan o‘g‘irlab ketishgan edi. Sovet mutaxassislari bu raketaning mo‘ljalga olish uskunasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni orzu qilishardi. Mana, orzulari ushaldi. Biroq bu sirga tishlari o‘tmay, lablarini tishlagancha qolaverishdi. Ha, uskuna xuddi panshaxa kabi juda jo‘n edi. Umuman, amerikaliklar hech qachon murakkabliklarni yoqtirishgan emas. Bu haqida, hatto, ularning maqoli ham bor: «U jo‘n narsalarni qiladigan darajada yetarli aqlga ega emas». Bularning bari shunday edi. Ammo uskunaning tarkibida mikrochiroqlar bor edi — ularni esa Sovet Ittifoqi har qancha harakat qilmasin, ishlab chiqara olmasdi. Buning uchun o‘z vaqtida mahbuslar va qurilish batalonlarining soldatlari tomonidan qurilgan zavodlardagi vakuumni ikki baravar ko‘tarish talab etilardi.

Amerikaliklar esa xuddi masxara qilganday, sovet razvedkasiga «Jorj Vashington» tipidagi raketalar bilan qurollangan suvosti kemalarining jamiki chizmalari va texnologik kartalarini arzon-garovga sotishdi. Ana, yigitlar, mazza qilib, ishlab chiqaraveringlar! O-o, o‘shanda bu ishga daxldor odamlarimiz qanchalik hayajonga tushganini ko‘rsangiz edi! Har sahifada amerikaliklarning «Top sikret!» degan iborasi. Uning bittasiga o‘zimizning «Mutlaqo maxfiy! Alohida ahamiyatga molik!» degan ikkita iboramiz, ikkita nollik binafsharang muhrlar va yana allanima balolar yopishtirilgan. Ana shu bir uyum behuda chizmalarni xarid qilib, Moskvaga ko‘tarib kelgan ikki razvedkachi yigitni Brejnevning o‘zi qabul qildi va ko‘kragiga qahramonlik yulduzini taqib qo‘ydi. Ammo tekshirib ko‘rilganda, u aytishga ham arzimaydigan narsa bo‘lib chiqdi. Shu chizmalar asosida qurilgan raketa bilan qurollangan suvosti kemasi halokatga uchradi. Bu — shu tipdagi kemalar orasida yagona hodisa edi. Kema quruvchilar uni istehzo bilan «Ivan Vashington» deb ataganlari bejiz emas.

Bu o‘yinlarning hammasi juda qimmatga tushdi. Ular yo hech qanaqa natija bermadi, yoxud ochiqdan-ochiq zarar keltirdi. Bu illat an’anaga aylanib qolgandi. Bir vaqtlar razvedka fashistlarning SSSRga hujum qilish kunini 22 iyun deb juda aniq aytib bergandi, ammo bundan mamlakatga qanday foyda tegdi?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:13:26
Bu ishdagi eng yomon jihat — razvedkachilarning G’arbda yashashga juda mazaxo‘rak bo‘lib qolishganida edi. Ular uylariga zo‘r-bazo‘r qaytishar, vatanda uncha uzoq turib qolmaslikdan umid qilishar, mabodo bunga ishonmasa, umuman, qaytmay qo‘ya qolishardi. Bunday paytda yo butunlay g‘oyib bo‘lishar, yo raqiblarga taslim bo‘lishardi. Andropov zamonida va undan keyin shunday hodisa sodir bo‘lmagan biron mamlakatni aytib berish amri mahol.

Ammo har qancha g‘alati tuyulmasin, bularning bari na Andropov, na PGU boshlig‘i general Kryuchkovlarning mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishiga zarracha ta’sir ko‘rsatmadi. Andropov Kryuchkovni 1956 yildagi vengr qo‘zg‘oloni bostirilgan vaqtdan beri o‘z orqasidan ergashtirib yurardi. Noxush voqealar ularning mavqeiga ta’sir ko‘rsatmaganiga bois, aftidan, shunda ediki, tashqi razvedka xodimlari orasida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi nomenklatura arzandalarining G’arbga qochishi yuksak martabali ota-onalarni unchalik tashvishga solmay qo‘ydi. Chunki ularning o‘zlari ham G’arbga qarab juftakni rostlashga tayyor bo‘lib qolgandilar. Ikkinchidan esa G’arbdagi yashirin urush jabhasi har qancha jozibador bo‘lmasin, mamlakat ichkarisida qaynab jo‘sh urayotgan yashirin jabha bilan taqqoslaganda, har qalay, orqa o‘ringa o‘tib ketardi.

Nima qilib bo‘lsa-da, mamlakatni qutqarish ishtiyoqida yongan va Kavkazdagi yutuqlaridan havolanib ketgan Andropov navbatdagi zarbani Moskva shahar partiya qo‘mitasiga bermoqchi bo‘ldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:14:30
Bu paytda shahar qo‘mitasiga Markazqo‘m Siyosiy byurosining a’zosi Grishin (Moskva shahar partiya qo‘mitasida Grishindan avval Yegorichev birinchi kotib bo‘lgan edi. U ham qulog‘igacha poraxo‘rlik botqog‘iga botib ketgan, katta siyosat samolariga ko‘tarilish orzusida yashardi. Shuning uchun u jahon sionizmi nayranglari haqidagi ma’ruzalarni tinglar va bu mavzuda KGB bilan doim maslahatlashib turardi. KGB esa o‘z navbatida Yegorichevni qulatib, uning o‘rniga Andropovning odamini qo‘yish yo‘llarini izlardi. Ayni jahon sionizmiga qarshi kurash borasida Yegorichevning misi chiqdi. 1973 yilda Yaqin Sharqda navbatdagi urush olovi alanga olib yonmoqda edi. Kunlardan birida Siyosiy byuro majlisida — Brejnev huzurida Yegorichev konyakdan ko‘proq tortib qo‘yganmi, Sinay yarim oroliga sovet dengizchilaridan desant tushirib, Tel-Avivga yurish qilishni taklif etadi.
Brejnevning qoshlari taajjub bilan chimiriladi. Mudofaa ministri esa bo‘zarib ketadi, chunki bu bema’ni da’vat orqasida o‘ziga qarshi ig‘vogarlikni ko‘radi. 1973 yilda desant qilib tushiradigan kuch ham, desantni olib boradigan vosita ham yo‘q edi.
«O’rtoq Yegorichev, — deb so‘raydi Brejnev, — siz kimning fikrini bildiryapsiz?»
«Moskva shahar partiya qo‘mitasining fikrini», — deb javob beradi birinchi kotib.
«Demak, sizlar shahar qo‘mitasida shunaqa masalalarni muhokama qilasizlarmi?» — deb so‘raydi Bosh kotib tahdidli ovozda.
Og‘ir sukunat cho‘kadi. Buning natijasida Moskva shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Grishin bo‘ladi. U Suslovning odami edi.Andropov hali juda zaif edi)
rahbarlik qilardi.

Moskva shahar qo‘mitasi poraxo‘rlik va boshqa iflos ishlar uyasiga aylanib qolgandi. Shu sifatlari bilan 20-yillar boshlaridagi Chikago gangsterlar sindikatiga o‘xshab ketgandi. Farqi shunda ediki, gangsterlar sindikati soliqlarni to‘lab turar va politsiyadan hayiqardi. Holbuki, Moskva shahar qo‘mitasida ahvol butunlay buning aksi edi — ular soliq to‘lamas, militsiyadan ham tap tortmasdi. Bu qudratli muassasaning eng mayda gumashtalari qarshisida ham militsiya yuz qotib turar va qo‘lini chekkasiga qo‘yib chest berardi. O’zboshimchalikda har qanday chegaradan chiqib ketgan Moskva shahar qo‘mitasi xato ustiga xato qila boshladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:16:49
Shahar qo‘mitasining byuro a’zosi va Moskva shahar Kuybishev rayon partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Galushko bir yarim million so‘m pora olgan . (Uning bir qismi qimmatbaho toshlar edi.) U Tbilisidan kelgan allaqanday betayin shaxslarga to‘rtta kvartira olib berishga va’da beradi. Ammo pulni olib, mijozlarini aldaydi. G’azabga kelgan tbilisiliklar pulni ayamay sarflashadi-da, ancha qo‘li uzun muttahamlar bilan topishib olishadi. Ular Brejnevning qizi Galina bilan yaqin ekanlar. Bosh kotibning qizi qanaqa tugmachalarni bosgani qorong‘i, lekin o‘rtoq Galushkoning uyini OBXSS brigadasi bosadi. Taqdirning o‘yinini qarangki, bu brigadaga Moskva shahar qo‘mitasining birinchi kotibiga familiyadosh general Grishin boshchilik qilar ekan. Ular Galushkoning uyida tintuv o‘tkazib, tilla va boshqa qimmatbaho buyumlarni, shuningdek, 4 million so‘m pulni olib ketishadi. Galushko qamoqqa olinadi. Ertasi kuni ish KGBga oshiriladi. Qo‘rquvdan dovdirab qolgan raykom kotibini Andropovning o‘zi so‘roq qiladi. U shahar qo‘mitasidagi arboblar qo‘lida shunchaki bir yugurdak bo‘lganini tan oladi.

Andropov bu gaplarning hammasini Brejnevga yetkazish yo‘llarini o‘ylay boshlaydi — qanday qilsa bir zarba bilan butun shahar qo‘mitasini qulatish mumkin? Qanday qilsa uni Lubyankaning bir bo‘limiga aylantiradi-yu, Kremlga hujum boshlaydi?

Ammo Moskva shahar partiya qo‘mitasida xatar qo‘ng‘iroqlari bong ura boshlagan edi.

O’z xodimlarining bir qismini maxsus kasalxonalarga joylab, bir qismini dala hovlilariga jo‘natib, Grishin Brejnev huzuriga yugurdi.

Galushko qamoqdan bo‘shatildi, general Grishin esa «xizmat mavqeini suiiste’mol qilgani uchun» sudga berildi va qamaldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:17:26
Andropovni Bosh kotib huzuriga chaqirishdi.

Brejnev unga ta’na bilan qaradi. Uchrashuvda ishtirok etgan Suslov, Grishin, Chernenko va qandaydir sabab bilan o‘sha kunlarda Moskvada bo‘lgan Rashidov KGB xo‘jayiniga rosa dashnom berishdi. Unga KGBning asosiy vazifasi nomenklaturaning xulq-atvori ustidan nazorat qilish emas, balki uni muhofaza etish ekanini eslatishdi. Xulq-atvor bilan shug‘ullanish uchun esa, Partiya nazorati komissiyasi bor. Aytgancha, bu komissiyada Andropovning o‘ziga ham beriladigan savollar topiladi. Masalan, poytaxtning juda qimmatbaho maxsus fondidan KGBga maxfiy ishlar uchun ancha-muncha kvartiralar berilgan. Shu kvartiralarda har kuni nimalar sodir bo‘layotganidan Yuriy Vladimirovichning xabari bormi? Ularda bo‘layotgan ichkilikbozliklardan, janjalu to‘polonlardan butun uy va hatto, butun rayon ogoh. Tag‘in xufiya kvartira emish. KGBning 5-boshqarmasi nazorati ostida ishlayotgan fohishalar kimga, qancha valyuta topshiradi? KGBdagi jangovar tuzilmalar qaysi pullarga va nima maqsadda tashkil qilinyapti? Eng muhimi shundaki, KGB o‘z asosiy raqibining mutlaqo jilovini bo‘shatib qo‘ydi. Partiya bu qadar katta jazo apparatini o‘z hisobida bekorga saqlab turgani yo‘q-ku! Gap mamlakatning aholisi haqida bormoqda. U, axir, borgan sari haddidan oshib ketyapti. Mamlakat aksilsho‘roviy adabiyotga to‘lib ketgan, hamma kanallarda mafkuraviy jihatdan zararli allaqanday musiqalar eshittiriladi, allaqanday kitoblar chop etilyapti. Yoshlar na biror joyda ishlashni, na armiyada xizmat qilishni istaydi. Hammayoqda G’arbga sajda qilinadi, G’arbning turmush tarzi maqtaladi. KGB raykomma-raykom o‘lja qidirib izg‘imasdan, ana shularga qarshi kurashmog‘i kerak.

Andropov e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi. Axir, Qo‘shma Shtatlar bilan partiyaning o‘zi o‘yin boshladi-ku? Katta qarzlar evaziga yahudiylarning mamlakatdan jo‘nab ketishiga yo‘lni ochib qo‘ydi-ku! Buning ustiga har bir chiqib ketayotgan yahudiydan katta pul olinyapti. Bo‘lajak raqiblar bilan har qanaqa mushuk-sichqon o‘ynashga Andropov doimo qarshi bo‘lgan edi-ku! Axir, Andropov emasmi mamlakatdan har qanday odamning chiqib ketishiga qarshi turgan? Bu masalada u, hatto, maxsus memorandum ham yozgan edi. Axir, tuhmatchi va xoin Soljenitsinni badarg‘a qilishni kim uyushtirdi? Andropov emasmi? Saxarov va unga o‘xshaganlarni muttasil obro‘sizlantirib, asta-sekin badarg‘a qilayotgan yoki qamoqqa tiqayotgan Andropov-ku!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:20:46
Agar armiyani hisobga olmaganda, hozirgi paytda butun davlat miqyosida u hamda uning muassasasi ishlayapti, holbuki, qolgan ko‘pgina o‘rtoqlar sekingina o‘zlarini chetga olib bo‘lganlar. Hashamatli ish kabinetlarida yoxud orombaxsh dala hovlilarida ularning nima bilan shug‘ullanayotganini aytish amri mahol. Agar partiya o‘z safidagi aynigan va poraxo‘r odamlarga qarshi kurash olib bormasa, uning o‘zi ham halok bo‘ladi, mamlakatni ham halok qiladi.

Hammalari bir oz xotirjam tortishdi va gap-so‘z murosa-yu madora ohangida davom etdi. Yo‘q, o‘rtoq Andropovning partiya ishiga va uning ideallariga sadoqati masalasida hech kimda shubha yo‘q.

Afsuski, hozirgi dunyodagi ahvol partiyani ayni shunday siyosat yurgizishga majbur etmoqda. Mamlakatda tartib o‘rnatish zarurligiga kelsak, bunga hech kimda e’tiroz yo‘q. Ammo o‘rtoq Andropovda, bizning qimmatli Yuriy Vladimirovichimizda, kuch shunaqa ko‘p va qiladigan ishlari shunaqa kam edimi, u o‘zimiznikilarga qarshi, partiya va inqilob faxriylariga qarshi o‘t ocha boshlapti.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:21:53
Bu ibora aslida Xrushchyovning XX s’ezddagi nutqidan so‘zma-so‘z olingan. Unda teran tag ma’no yashirin. Xrushchyov tomonidan boshlangan va nomenklatura ma’qullagan Stalinni fosh qilish tuzumning mamlakatga qarshi jinoyatlarini va o‘z xalqiga qarshi qilgan tarixdagi beqiyos qirg‘inni ochib tashlashni emas, balki Stalinning nomenklaturaga qarshi olib borgan uzluksiz urushdagi nobop usullarini rad etishni mo‘ljallagan edi. (Shuning uchun jamoatchilik o‘rtasida A. Soljenitsin yozgan «Ivan Denisovichning bir kuni», «GULAG arxipelagi» asarlarining kutilmaganda paydo bo‘lishi katta aks sado berdi. Bu asarlarda birinchi marta oshkora tarzda har bitta o‘ldirilgan partiya kotibiga million-million qiynab o‘ldirilgan oddiy odamlar to‘g‘ri kelishi aytilgan edi. Stalin nomenklaturadan o‘ch olgan 1937 yilni emas, balki kommunistik tuzum amal qilgan hamma yillarni esda saqlash kerak. Chunki bu tuzumda o‘z xalqini muntazam ravishda ayovsiz qirish hech qachon to‘xtagan emas.

1985 yilgacha «Arxipelag»ni o‘qigani uchun 7 yil qamoq jazosiga hukm qilinardi va 5 yilga badarg‘a etilardi. Bu hammaga ma’lum. Boshqa bir narsa qiziq: kitob birinchi marta G’arbda KGB mablag‘iga nashr qilingan (muallif bundan bexabar) edi.

Kitob bir zumda hamma tillarga tarjima qilindi. Bugun dunyoda jamoatchilikning fikri junbushga keldi, «SSSR» degan nom yo‘q bo‘lib, o‘rniga «GULAG arxipelagi» degan atama qo‘llana boshladi. Bir sovet jurnalisti Argentinada yo‘l ustida bir yuk mashinasini to‘xtatib, qo‘shni shaharga olib borib qo‘yishni iltimos qiladi. Haydovchi o‘rta yashar hindi ekan. U yo‘lovchining xorijdan kelganini payqab, qaerdan ekanini so‘raydi. «Rossiyadan» - deb javob beradi jurnalist. «A-a, - deydi haydovchi. - Bilaman. «GULAG arxipelagi»ni o‘qiganman. Ba’zilar KGB bu kitobni atayin chiqargan deyishadi — har holda, odamlarni qamab turishga bahonai sabab bo‘ladi-ku!

Ammo xufiya urushning yo‘llari qorong‘i. Ayniqsa, KGBning xo‘jayini oliy hokimiyatga intilsa...)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:24:05
«Stalin o‘zinikilarga qarata — inqilob faxriylariga qarata o‘t ochgan edi, - deb hayqiradi Xrushchyov mikrofonga. - Biz uni ana shu o‘zboshimchaligi uchun qoralaymiz... Insoniyat tarixida juda ko‘p shafqatsiz zolimlar o‘tgan, ammo ularning hammasi ham hokimiyatini bolta yordamida ushlab turgani uchun o‘zlari ham boltadan nobud bo‘lishgan». Ba’zi gaplar Xrushchyovning og‘zidan beixtiyor chiqib ketgan. Jazavaga tushgan Xrushchyov Stalinning o‘z shogirdlari tomonidan o‘ldirilganini («boltada nobud bo‘lishgan») e’tirof etib, bo‘lg‘usi partnomenklaturaning hammasini asosiy xatardan ogohlantiradi:
O’zingnikilarga o‘q uzma! Aks holda, boltada nobud bo‘lasan!

Andropov sukut saqlardi.

Brejnev yakun yasadi. Qarib, aynib borayotgan KPSS dohiysi bunaqa g‘alvalarni yoqtirmasdi. Bu g‘alvalar unga butun mamlakat va Ovruponing turli davlatlari bo‘ylab sochilib yotgan hashamatli qasrlarda, shikorxonalarda hayot gashtini surishiga xalaqit berardi. «Ko‘rib turibman, o‘rtoqlar bir-birini tushunishdi. Bu - qanday yaxshi!» Shunday deb, ko‘zida qiltillagan yoshi bilan Andropovni quchib, ikki betidan o‘pib qo‘yadi.

Ammo o‘sha kuniyoq general Svigun Andropovga birinchi muovin qilib tayinlanadi. Svigun Brejnevga boja edi, u Bosh kotib xotinining tug‘ishgan singlisiga uylangandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:25:00
Shama hammaga tushunarli bo‘ldi.

Kurash keskinlashdi. Andropov hayajonga tushgan nomenklatura a’yonlari aytganlariga qaraganda ko‘p narsani bilardi, albatta, lekin u ham hamma gapdan xabardor emasdi.

Mana hujjat. Unda Amerikaning muhri bor: «Tor guruh uchun». Yonida sovet muhri: «Maxfiy». «Markaziy Razvedka Boshqarmasining SSSRdagi iqtisodiy va ichki siyosiy ahvol haqidagi dokladi. Qo‘shma Shtatlar Prezidenti, Hukumati va Kongressiga 1978 yil uchun tahliliy hisobot». Asl nusxa negadir rus tilida yozilgan. Nima uchun? Ikki yuz sahifali hisobot sovet razvedkasi qo‘liga tushishi (go‘yo xufiyalarning sa’y-harakati bilan) va Moskvaga yetkazilishi bilanoq KGBdagilar tarjimaga vaqt sarflab o‘tirmay, matnni bemalol o‘qib chiqishlari uchun shunday qilingan. Amerikaliklarning sadag‘asi ketsang arziydi — sovet maxfiy politsiyasining bahaybat idorasini bitta tashvishdan qutqaribdi: «Ie, nega ular o‘z hisobotlarini rus tilida bosa boshlabdi?» — deb so‘raydi taajjub ichida GPU bo‘limining boshlig‘i Kryuchkov Andropovdan. Holbuki, buni Andropov Kryuchkovdan so‘rashi kerak edi. Tobeinlari oldida o‘zining zakovatini namoyish qilishni yaxshi ko‘radigan Andropov: «Qari zanji bo‘lsam-da, lekin, rus tilini o‘rganar edim, chunki unda so‘zlagan Lenin», - deya she’r o‘qiydi. Bu g‘alati holat boshlig‘ini zarra ajablantirmaganini ko‘rib, Kryuchkov rosa hayron bo‘ladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:26:22
«... Hozirgi vaqgda KPSS Markaziy Qo‘mitasida va Ittifoqdosh respublikalar kompartiyalarining rahbariyatida nifoq tamoyili mutlaqo ravshan ko‘rinib qoldi. Buning asosiy sababi mamlakatda iqtisodiy ahvol muttasil yomonlashib borayotganidadir. Sanoatning hamma sohalaridagi turg‘unlik, ishlab chiqarishdagi barqaror tanazzul, mehnat unumdorligining uzluksiz pasayishi, muntazam ravishda hosil unmayotgani jahon bozorida sovetlar eksport qiladigan an’anaviy tovarlar — neft, gaz va ishlov berilmagan yog‘ochlar narxining tushib ketishi tufayli yanada yomon oqibatlarga olib keldi. Hajmiga ko‘ra haddan tashqari katta, mutlaqo rejalashtirilmagan harbiy sanoat yil sayin kengayib, boshqa hamma sohalarni halok qilmoqda. Bu esa mamlakatning keng iste’mol mollari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarining importiga qaramligini kuchaytirmoqda.

Shu holda SSSRning qartayib qolgan rahbariyati nafaqat bu yo‘lning halokatli ekanini ko‘rmayapti, balki, aksincha, mamlakatni yangi-yangi olamshumul xarajatlar sirtmog‘iga qattiqroq ilintirmoqda. Mamlakat bu xarajatlarga na nazariy, na amaliy jihatdan dosh berolmadi...

Butun dunyodagi kompartiyalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatib, ular baribir bir kuni «sotsialistik yo‘l»ni tanlab oladi deb umid qilish, Sharqiy Ovrupodagi qaram mamlakatlarni iqtisodiy halokatdan asrab qolishga intilish, sivilizatsiyali dunyo bilan doimiy nizolashish ko‘p yillardan beri davom etmoqda. Bu esa faqat boshi berk ko‘chaga olib kirishi o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lib qoldi. Ammo Kreml mahkumlarga xos o‘jarlik bilan shu yo‘ldan borishda davom etmoqda...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:27:04
Sharqiy Ovrupodagi qaram mamlakatlarni bizning siyosatchilarimiz ko‘pdan beri «sekin portlaydigan mina» deb atashadi. Ular chindan ham shunday bo‘lib chiqdi — hozir muqarrar portlash xavotirida Moskva nima qilishini bilmay qolgan. Kommunistik iqtisodiyot sharoitida doimiy ravishda tovarlar yetishmaydi, bu iqtisodiyotda farmonbardorlik tamoyillari hukmronlik qiladi, puli esa shunchaki nomiga yurib, nisbiy qimmatga ega. Bu sharoitda birdan-bir ahamiyatga molik narsa faqat buyumlardir — mijoz mamlakatlarni buyumlar bilan ta’minlar ekan, sovet hukumati ularni o‘z mamlakatining nasibasidan oladi va shu bilan iqtisodiyotini eng zarur narsadan mahrum qiladi. Baholarni ko‘tarish sira yordam bermaydi, chunki «xalq demokratiyasi» mamlakatlari buning evaziga beradigan mahsulot G’arbnikiga qaraganda ancha past sifatga ega. Bu SSSRda tovarlar sohasida doimiy bo‘shliqni tug‘dirib turadi...

G’arb bilan savdo munosabatlarini ma’lum darajada ta’minlab turish uchun esa Sovet Ittifoqi o‘zini oqlamaydigan shaxtalar va konlarni ishlatishga majbur. Bu esa davlat tomonidan juda katta mablag‘ talab qiladi. Davlat mamlakatning qadam yetishi qiyin bo‘lgan olis hududlaridagi juda past sifatli neftni qazishga majbur etadi. Bu neftning tannarxi esa juda qimmat. Bularning bari o‘z bo‘ynini sirtmoqqa solish bilan baravar. Bu sirtmoqdan esa qutulishning iloji yo‘q...

Hindistonga tashrif buyurgan Brejnev Gandi hukumati bilan unga 820 million dollar miqdorida qarz berish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, u Hindistonga neft yetkazib berishni bir million tonnaga ko‘paytirishga va’da qildi (hozir 1,9 million tonna neft yetkazib beriladi). Shuningdek, qurol-aslaha yetkazib berish haqida maxfiy bitim ham imzolandi. Jumladan, hammasi bo‘lib 1,6 million dollar turadigan 25 ta MIG-25 samolyoti yetkazib beriladigan bo‘ldi. Har doimdagidek, qurol-aslaha yetkazib berish borasidagi imtiyozli qarz bitimi shunday tuzilganki, Hindiston uni qachonlardir uzadimi-yo‘qmi — ma’lum emas... Xom ashyo va tayyor mahsulot yetkazib berishda qaram mamlakatlar SSSRga qanchaga tushayotgani to‘g‘risida taxminan fikr yuritish mumkin. Lekin SSSR mazkur mamlakatlarga har yili valyuta ham sarflaydi. Bu esa uning G’arbdan qarzini yanada ko‘paytiradi. Muttasil o‘sib borayotgan bu qarz hozir 17 milliard 30 million dollarni tashkil qiladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:35:26
Bundan tashqari Kreml Sharqiy Ovrupo mamlakatlari qarzini to‘lash kafolatini ham zimmasiga olgani tufayli uning yelkasiga yana 60 milliard dollarlik yuk tushdi.

Qaram mamlakatlarga SSSR tomonidan har yili qancha dollar yordam berib turilgani haqida aniq ma’lumotlar bor. Buni quyidagi jadvalda ko‘rish mumkin:

(http://i1219.photobucket.com/albums/dd426/Musannif/ZiyoUzCom/partiya.jpg)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:37:14
Shu tarzda Sovet Ittifoqi so‘nggi 10 yil ichida 85,8 milliard dollar sarfladi. Bu katta mablag‘ quyidagi tarzda taqsimlanadi:

Kuba — 15,4906 milliard dollar, Vetnam — 9,1312 milliard dollar, Suriya — 7,4260 milliard dollar, Iroq — 3,7656 milliard dollar, Efiopiya — 2,8605 milliard dollar, Shimoliy Koreya — 2,2341 milliard dollar, Mo‘g‘uliston — 9,5427 milliard dollar, Hindiston — 8,9075 milliard dollar, Polsha — 4 milliard 955 million dollar, Afg‘oniston — 3,0550 milliard dollar, Jazoir — 2,5193 milliard dollar, Angola — 2,0289 milliard dollar.

Yil sayin ko‘payib borayotgan bunday yillik xarajatlar Sovet Ittifoqiga sariq chaqalik ham foyda keltirmaydi. Ularni davlatlararo amal qiladigan mavjud iboralarda ifodalash mumkin emas. Bu borada Kreml erishadigan siyosiy foydalar ham juda arzimasdir, ularning istiqbolidan ham hech qanday umid yo‘q. Mana, masalan, Angolani oladigan bo‘lsak, MPLAga sovet qurol-aslahasi ko‘plab yetkazib berilayotganiga qaramay, marksistik guruhlarning nazorati ostida bo‘lgan hududlarda bizning neft kompaniyalarimiz neft, Janubiy Amerika kompaniyalari esa olmos ishlab chiqarishda davom etmoqda. Bu kompaniyalarga berilgan imtiyozlar sovetlar kirib kelguncha bo‘lgan davrdagidan ham qulayroqdir. 
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:37:50
Kreml sarflayotgan beqiyos xarajatlar, asosan, mijoz mamlakatlarga yetkazib berilayotgan juda katta miqdordagi qurol-aslaha va xom ashyodan (asosan, neft va neft mahsulotlari) tashkil topadi. Bularni yetkazib berishdan ko‘zlangan yagona maqsad mahalliy kommunistik yoxud kommunistlarga xayrixoh hukmdorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Ammo bu oqimda oltin jamg‘armalar ham naqd pullarning Moskva nazorati ostida bo‘lgan banklar tizimi orqali, shuningdek, xalqaro banklar tarmoqlari orqali ko‘chib yurganini ham sezish mumkin. Bu ishda, aytaylik, Kubaga o‘tkazilgan pullar unga yetib bormay, Ispaniya yoxud Fransiya banklarida soxta odamlar yoxud soxta firmalarning qalbaki hisoblarida qolib ketadi. Bular bir tomondan, Kastro oilasining shaxsiy jamg‘armasini tashkil qiladi. Ikkinchi tomondan esa, ular go‘yo to‘laligicha mahalliy kompartiyalarga tegishli sarmoya emish. Biroq bu uncha to‘g‘ri emas, negaki, zarur bo‘lganda Moskva bu pullarni osongina oladi-da, o‘z ixtiyoricha sarflayveradi. Masalan, yaqinda g‘ayrirasmiy sovet delegatsiyasi Monte-Karlo va Keniyada bo‘ldi. Bu yerda delegatsiya har xil buyumlar va xizmatlar uchun (qimor va safariga) 240 ming va 285 ming dollar xarajat qildi. Shu xarajatlarni qoplash uchun pul Ispaniya kompartiyasi hisobidan olindi.

Bu hali holva. Kreml pullari shunaqa atoqli firmalar va kompaniyalarning sarmoyalariga qo‘shiladiki, ularning jahon kommunistik harakatiga mutlaqo aloqasi yo‘q. Qolaversa, rasman olganda Moskva ularni G’arbning harbiy-sanoat kompleksiga kiruvchi firmalar va kompaniyalar sifatida qoralaydi. G’alati bir vaziyat maydonga keladi — Moskva pullarini o‘z bemor iqtisodiyotiga sarflash o‘rniga bizning mudofaa tizimimizga xarjlamoqda.

Hozirgi vaqtda Moskvaning pullari olmoslarni qayta ishlash biznesida (Janubiy Afrika Respublikasi, Isroil va Gollandiya firmalari), qimor biznesida (Monte-Karlo, Las-Vegas, Gongkong), boshqa odamlar nomiga rasmiylashtirish yo‘li bilan dunyoning turli burchaklarida bir qancha qimorxona va islovatxonalarni xarid qilishda, narkobiznesda (Kuba orqali Lotin Amerikasining narkokartellari bilan va Afg‘oniston hamda o‘z musulmon respublikalari orqali Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo narkosindikatlari bilan aloqa qilinadi) mavjud ekani aniqligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:38:21
Sovet rahbariyatining (Brejnev va Gromikoning safarlari) AQSh va G’arbiy Ovrupo mamlakatlari rahbariyati bilan bo‘lgan so‘nggi muloqotlari davomida Moskva mazkur aloqalardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad jamiki xom ashyo ishlab chiqaruvchi sanoatni va qishloq xo‘jaligini zamonaviylashtirish uchun G’arbdan qarz olish ekanini bir necha marta ta’kidladi. Ammo G’arb mamlakatlari berilajak qarz hisobidan zarur asbob-uskunalarni yetkazib berishni taklif qilganda, sovet tomoni bu taklifni rad etdi va naqd pulda qarz olish istagini bildirdi. Bahona qilib aytildiki, go‘yo sovet tomoni hali asbob-uskunani qaysi mamlakat yetkazib berishini aniqlagani yo‘q va bu borada firmalar o‘rtasida tanlov tashkil qilmoqchi. Olingan qarzlar deyarli to‘laligicha G’arb banklaridagi hisoblarda qolib ketdi va amalda oliy rutbali partiya mansabdorlarining shaxsiy hisoblariga qaytadan taqsim qilindi... Shunday taassurot tug‘iladiki, KPSS rahbariyatining muayyan qismi mamlakat boshiga kelayotgan halokatni va uning muqarrarligini biz tashqaridan ko‘rayotganga qaraganda ichdan turib yaxshiroq ko‘rayapti va avvaldan G’arbga qarab juftakni rostlash harakatiga tushib qolgan. Shuning uchun zarur moddiy zaminni barpo etmoqda. Ayni ana shu kelgusidagi oqibat uchun zarur moddiy zaminni yaratish, aftidan, SSSRning barcha tashqi va ichki siyosatini belgilaydi. Aks holda, uni boshqa hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi.

Shunday siyosat natijasida SSSRning oltin zaxirasi so‘nggi 10 yil mobaynida taxminan uch baravar kamayib ketdi va tez sur’atlar bilan kamayishda davom etmoqda. Muntazam ravishda kuchayib borayotgan sanoat tanazzuli nazorat ostidan chiqadigan darajaga yetib qoldi. Agar shunday bo‘lsa, bu to‘la iqtisodiy boshboshdoqlikka olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida harbiy kuch qo‘llamasdan SSSRni ulug‘ davlat sifatida yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l ochadi.

Yaqin vaqtlar ichida SSSRni sog‘ib yeb yotgan davlatlar miqdorini ko‘paytirishga urinib ko‘rish maqsadga muvofiq ko‘rinadi — bu uning sarf-xarajatlarini yana ham orttirar edi. (Agar uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror mintaqaviy mojaroga aralashtirilsa, yanada soz bo‘lardi.) Shuningdek, puxta o‘ylangan qarz siyosati bilan ham Kreml rahbariyati o‘rtasidagi ixtilofni chuqurlashtirish mumkin».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:38:50
Shundan keyin SSSRni qaerdagi mintaqaviy mojaroga jalb qilish ma’qulroq ekani keng tadqiq qilinadi. Kuba, Yaqin Sharq, Angola va hatto, Xitoy bilan urush chiqarish imkoniyati ham ko‘rib chiqilgan. Buni tasdiqlaydigan va rad etadigan behisob dalillar keltirilgan; ular mualliflarning masalani juda chuqur o‘rganganlaridan dalolat beradi.

Markaziy Razvedka Boshqarmasi hisoboti Andropov qo‘liga rus tilida yetib kelgani bejiz emas. Unda KGB xo‘jayini bilmagan biror gap yo‘q edi. Unda KGBning mutlaqo maxfiy ma’lumotnomalaridagiga qaraganda ko‘p masalalar ortiqcha dabdabasiz, ixcham va lo‘nda bayon qilingandi. KGB ma’lumotnomalarida ko‘p narsalarni o‘z nomi bilan atashga hayiqishgan, lekin ancha-muncha aniq familiyalar tilga olingan. Faqat keskin islohotlargina SSSRni saqlab qolishi mumkin edi, ammo o‘sha paytdagi SSSR sharoitida islohotlarni boshlashning ham iloji yo‘q edi. Andropov shunga amin ediki, faqat mavjud nomenklaturani tor-mor keltirish va yo‘q qilish bilangina mamlakatda tartib o‘rnatishga kirishish mumkin, keyin esa tub o‘zgarishlarni boshlasa bo‘ladi. Ammo ana shu go‘zal niyatlarni ro‘yobga chiqaradigan odamlarni qaerdan topish mumkin? «Hamma narsani hal qilishga qodir» bo‘lgan va shu tarzda mamlakatni saqlab qola oladigan kadrlarni qaerdan olsa bo‘ladi?

Nomenklaturani chekistlar bilan almashtirish haqidagi Andropovning dadil fikri hamon butunlay yo‘qqa chiqmagan bo‘lsa-da, allaqachon jozibasini yo‘qotib ulgurgan edi. Ozarboyjondagi tajriba shuni ko‘rsatdiki, chekistlar yog‘liq joylarni egallab olsa, ularga xos jasorat va qat’iyat sababli, o‘zlaridan avvalgi amaldorlardan ham ko‘proq surbetlik bilan ish yuritar ekanlar. Alievning o‘zi respublika kompartiyasining Birinchi kotibi bo‘lib olgandan so‘ng paydo bo‘lgan imkoniyatlar mazasini tez tushundi. Ozarboyjonni Horun ar-Rashid zamonidagi Bag‘dod xalifaligini eslatadigan bir go‘shaga aylantirdi. Alievni Bokuda to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Horun ar-Rashid» deb atay boshladilar va Oxundov davrlarini taassuf bilan qo‘msay boshladilar. Andropovning qo‘lidagi ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi paytda Brejnevning Bokuga tashrifiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilyapti. Bosh kotibning sof oltindan o‘n besh kilogrammlik haykalchasini quyib, taxt qilib qo‘yishdi, uning o‘zi va oila a’zolari uchun olmos va boshqa asl buyumlar tayyor turibdi. Axir Brejnevning o‘zi ham, oila a’zolari ham bunaqa narsalarga o‘chligi hammaga ma’lum-ku! Ammo amaliy ishlar uchun fursat shitob bilan o‘tib bormoqda edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:40:12
Andropovning stavropollik yurtdoshi bor edi. Fyodor Kulakov degan bu odam KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi bo‘lib, Siyosiy byuroda qishloq xo‘jaligi uchun mas’ul edi. U hamma masalalarda maxfiy politsiya xo‘jayini bilan hamfikr edi. Siyosiy byuro a’zolari ichida Kulakov Andropov tayansa bo‘ladigan yagona odam hisoblanardi. Serg‘ayrat va qat’iyatli Kulakov qarib qolgan Kreml hukmdorlari orasida eng yoshi edi. Kulakovdan ko‘p narsa kutsa bo‘lardi. U keskin islohotlar tarafdori edi. Uning yudduzi Xrushchyov zamonlarida lov etib chaqnadi-yu, keyin to‘satdan yana so‘ndi-qoldi. Xrushchyov uni Stavropolga badarg‘a qildi. Bu yerda u Andropov bilan tanishdi. Kulakovning mamlakatni qutqarish borasidagi takliflari davlat-partiya apparatini tubdan islohot qilish, nomenklaturani yangi mansabdorlar bilan almashtirib, ularga oshkora imtiyozlar berish va davlat xizmatchilarining daromadlari ustidan jiddiy nazorat o‘rnatishdan iborat edi. O’z vaqtida Xrushchyov ham xuddi shuni rejalashtirgandi, biroq u bu borada biron keskin ish qilishga jur’at qilolmadi va hatto, buning oqibatlaridan cho‘chib, Kulakovni o‘zidan uzoqlashtirdi.

1964 yilda Xrushchyovni hokimiyatdan chetlatishga olib kelgan fitnada u faol ishtirok etdi. U Teberda shikorxonasiga fitnaning hamma asosiy ishtirokchilarini to‘plab, rejaning barcha tafsilotlarini pishitib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, uni Moskvaga qaytardilar. Ammo bu yerda u fitnachilar tomonidan aldanganini tushundi. Fitnachilar hech qanaqa islohot o‘tkazishni istamaganlaridan tashqari, hatto, Xrushchyov amalga oshirgan jinday ijobiy ishlarga ham xotima berdilar.

Andropov bilan hamfikr chiqib qolganidan Kulakovning ko‘ngli ko‘tarildi. Oliy hokimiyatning hamma shayinlari qo‘lga o‘tmaguncha, hech qanaqa islohotni amalga oshirib bo‘lmasligini ular ham yaxshi tushunardilar: «Agar kishiga noyob bir taqdir ato etilsa, u shunga munosib bo‘lishi kerak, - deb hisoblardi Kulakov. — Undan foydalanishga urinib ko‘rmaslikning o‘zi jinoyatdir». Andropov uning fikrlarini to‘laligicha ma’qullar edi. Ularning ikkovi ham chin kommunist bo‘lib, o‘z rejalariga astoydil ishonardilar. Holbuki, bu reja ham hamma kommunistik g‘oyalar kabi xomxayoldan o‘zga narsa emasdi. U amalda tuzukroq biron samara berishi amri mahol edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:41:02
Reja quyidagicha edi: mamlakatda quyidan yuqorigacha temir intizom o‘rnatiladi. Ayni choqda har qanday o‘zboshimchalar, mafiya tizimlari, nomenklatura tor-mor qilinadi. Quyidan yuqorigacha hamma ne’matlar yangidan taqsimlab chiqiladi, ammo buni juda qat’iy markazlashgan nazorat ostida va mehnat unumdorligining o‘sishiga xalal bermasdan qilish lozim. Qishloq xo‘jaligida hamma joyda mashhur «Ipatov usuli» joriy qilinadi. Kulakov ayni shu usul sababli dong qozongan edi. Ayovsiz tozalashdan keyin KPSS qaytadan barpo etiladi. Yangi KPSSda bitta emas, ikkita Bosh kotib bo‘ladi. Markazqo‘m uch baravar qisqartiriladi, apparatning yarmiga javob beriladi... Bir vaqtlar Gerbert Uelss «Kremldagi xayolparastlar» degan iborani aytgan edi. To‘g‘ri, u bu iborani boshqa munosabat bilan ishlatgandi. Ammo ular xayolparast emasdilar. Faqat bir yo‘la hamma narsadan judo bo‘lishni istamas edilar, xolos.

Ularning rejalari ikki nusxada bo‘lib, bor-yo‘g‘i to‘rt sahifani tashkil qilardi. Shu to‘rt sahifada «Temir intizom» iborasi 42 marta tilga olingandi. Yemirilib bo‘lgan mamlakatni ular «temir intizom» yordamida epaqaga keltirishni orzu qilishgan edi.

Bu rejaga xayrixohlik bilan qaragan uchinchi «xayolparast» Belorussiya kompartiyasining rahbari, Siyosiy byuro a’zoligiga nomzod Petr Masherov bo‘lib chiqdi. Ish o‘ngidan kelgan taqdirda unga Bosh ministr lavozimi va Siyosiy byuroga to‘la a’zolik va’da qilingan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:41:34
Nomenklaturaga beriladigan navbatdagi zarba Sergey Medunovga yo‘naltiriladi. Medunov — Krasnodar o‘lkasining partiyaviy xo‘jayini, Brejnevning shaxsiy do‘sti bo‘lib, unga ishonib topshirilgan o‘lkani ochiqdan-ochiq o‘zining xususiy mulki deb bilardi. U o‘ziga hech kimning kuchi yetmasligiga mutlaqo ishonardi. Shuning uchun har qanday ehtiyotkorlikni unutib, oshkora pora olishga kirishdi, o‘lka boyliklarini dollarga sota boshladi, G’arbning bir qancha banklaridagi shaxsiy hisoblari bilan ochiqchasiga maqtandi, har qanday qonun-qoidalarni nazar-pisand qilmay, o‘z xodimlarini xohlasa jazolab, xohlasa peshonasini siladi. Kulakov bilan Andropov Medunovga qarshi bir necha yil mobaynida material yig‘ishdi. Bu ishda ularga Stavropol o‘lka qo‘mitasining yosh kotibi Mixail Gorbachyov yaqindan yordam berdi. Kulakov o‘zi Moskvaga ketayotib, uni Stavropol o‘lkasiga qo‘yib ketgandi. Bundan tashqari Krasnodar o‘lkasi qochib ketgan emas. Andropov bilan Kulakovning yosh kotibdan umidlari katta edi.

Andropovning o‘zi Gorbachyov bilan tez-tez suhbatlashib turdi va amin bo‘ldiki, Gorbachyov uning qarashlarini to‘la ma’qullar, unga sadoqati ham katta ekan. Qolaversa, Gorbachyov Andropov boshchilik qiladigan idora bilan ko‘pdan beri mustahkam aloqada.

Stavropol o‘lkasida mamlakatning asosiy dam olish hududi — Kavkaz ma’danli suvlari joylashgan edi. Noz-ne’matlarga serob bu o‘lkaning qishi yumshoq, yozi ham mo‘‘tadil bo‘lib, nomenklatura chorbog‘lari, sanatoriy va shifoxonalari shu yerda jam bo‘lgandi. Tabiiyki, oddiy odamlar ularga yaqin yo‘latilmasdi. Inqilobdan avvalgi rus zodagonlaridan qolgan qadimiy odat bor edi — butun oila bilan «suv»ga kelinardi. Shu odatni davom ettirib, Kremldagi rahbarlar, Markazqo‘m apparati xodimlari, ministrlar, yirik shaharlar va viloyatlarning partiya qo‘mitalari kotiblari, markaziy gazetalarning muharrirlari va generallar bola-chaqalari bilan salomatliklarini tuzatib olish uchun bu yerga yopirilib kelishardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:42:09
O’lkaning partiyaviy xo‘jayini bo‘lmish Gorbachyov katta mehmonlarni shaxsan o‘zi kutib olar, ularga hamroh bo‘lib, hashamatli qasrlarga kuzatib qo‘yar, vaqt-vaqti bilan ulardan xabar olib turar va shu tariqa mamlakatning oliy rahbarlari bilan sekin-asta yaqindan aloqa o‘rnatib borardi. U benihoya qimmatli ma’lumotlar yig‘ar edi, chunki oddiy rahbariyat vakillari bilan istirohatda uchrashish boshqa gap-u, ular bilan Moskvada katta-kichik majlislarda uchrashish boshqa narsa edi. Istirohat chog‘ida ko‘proq narsadan xabardor bo‘lib olish va yana ko‘proq narsani ehtiyotkorlik bilan rahbarlarning qulog‘iga quyish mumkin edi.

Kislovodsk yaqinidagi oliy tabaqadagi partiya xodimlari dam oladigan «Qizil toshlar» degan shifoxonaga vaqt-vaqti bilan Andropov kelib turardi. U bu kurortni boshqalardan afzal ko‘rardi. Bu uning «kichik vatani» edi. KGBning qudratli xo‘jayini shu atrofda - Nagutskaya bekatida tavallud topgandi (1914 yilning 15 iyunida).

Andropov «Qizil toshlar»da qattiq qo‘riqlanadigan qasrda turar va hech kimni qabul qilmasdi. Moskvadan kelib turadigan KGB generallari bundan mustasno edi, albatta. Soqchilar Mixail Gorbachyovning mashinasini ham hech qanday to‘siqsiz o‘tkazib yuborishardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:42:27
Gorbachyovning asosiy vazifalaridan biri, yuqorida aytilganidek, Medunovga qarshi fosh qiluvchi materiallar yig‘ish edi. Medunov haqidagi materiallar Gorbachyov to‘plagan hujjatlaru guvohlarning ko‘rsatmalari tufayli qappaygandan-qappaya bordi. Ma’lum bo‘ldiki, Krasnodar o‘lkasida, ayniqsa, Sochi hududida Qora dengiz sohilidagi afsonaviy kurortlar zonasida partiya-davlat apparatida korruptsiya va poraxo‘rlik mutlaqo rasmiy tus olgan. Mashina sotib olish uchun, kvartira olish uchun, xizmatda biron mansabni egallash uchun, o‘quv yurtiga kirish uchun, partiyaga a’zo bo‘lish uchun va hatto, mehmonxonaga joylashish uchun ham, albatta, pora berilgan. Har bir poraxo‘r mansabdor qanchasini olib qolib, qanchasini raykomga uzatishi kerakligini yaxshi bilgan. Raykomdagilar ham yuqoriga qancha uzatish zarurligidan yaxshi xabardor bo‘lgan. So‘mlardan tarkib topgan irmoqlar katta daryolarga aylanib, to‘g‘ri Medunovning kissasiga tushgan. Bu ham yetmaganday, ayni ana shu Krasnodar o‘lkasida qora ikrani xorijga valyutaga xufiya sotish keng yo‘lga qo‘yilgan. Ikra Tinch okean baliqlaridan bo‘shagan tunuka idishlarda sotilgan. Izlar to‘ppa-to‘g‘ri Moskvaga — ministrlarning ishxonalariga, u yerdan esa Kremlga olib borgan. Ammo Medunovning jinoyatkorona faoliyatini fosh qiluvchi hujjatlar har qancha aniq bo‘lmasin, ular ko‘p ahamiyatga ega emasdi. Krasnodar o‘lkasining xo‘jayini sudu tergovlarni mensimaydigan daxlsiz nomenklatura tabaqasiga mansub edi. O’nlab yillar davom etgan mudhish Stalin zamonasidan keyin tuzilgan bitim hukm surmoqda. Brejnev uni bekor qilish u yoqda tursin, hatto, unga zarracha o‘zgartirish kiritmoqchi emas. O’z xodimlarini avaylab ehtiyot qilish bilan Bosh kotib o‘zini asrab kelardi, uning hokimiyati boshdan-oyoq shu asosga qurilgandi. Ha, hammaga ayon ediki, Medunov Andropovni qiziqtirib qolgan bo‘lsa, dastavval bunga Brejnevga yaqinligi sababchi. Medunovni qulatib, Andropov Brejnevni ag‘darishni mo‘ljallagan, aks holda, ayni Medunov ishi bilan shug‘ullanishning nima hojati bor? Viloyat qo‘mitasi yoxud o‘lka qo‘mitalarining  kotibidan istaganini qo‘lga olsa bo‘laverardi, ularning hammasi jinoyatlar girdobiga botib ketgan. Hatto Gorbachyovning o‘zi ham bundan mustasno emas. Stavropoldagi yosh kotibning ishlaridan boshliqlarga qaraganda Andropov yaxshiroq xabardor edi. Masalan, Shevarnadze Andropov buyrug‘i bilan «o‘zining jonajon respublikasi»da tartib o‘rnata boshladi. U pastdan yuqorigacha hamma mansabdorlarni chekistlar bilan almashtirdi. Gruzin turmalari sobiq amaldorlarga va xufiya millionerlarga to‘lib ketdi. O’shanda Shevarnadze bor ovozi bilan hayqirib, «respublikadagi kapitalistik cho‘chqaxonani» tag-tugi bilan yo‘qotishga va’da bergandi. Ammo «xufiya ishlab chiqarish»ning ko‘pgina namoyandalari qochishga muvaffaq bo‘lishdi va hatto, o‘z korxonalarini ham ko‘chirib olib ketishdi. Qochganda ham ular uzoqqa ketganlari yo‘q — hammalari qo‘shni Stavropol o‘lkasiga borib qoldi. Ularning ko‘pchiligi mohir zargarlar edi. Ular tor-mor keltirilgan nomenklaturaning buyurtmasi bilan uzuklar, bilakuzuklar, marjonlar yasashardi. Ular o‘zlarining tillalari, kumushlari, platinalari, brilliantlari va boshqa duru javohirlarini ham olib kelishgandi. Ko‘pchiligi nomenklatura tomonidan omonatga berib qo‘yilgan oltin zaxiralarini, ya’ni «partiyaning oltini»ni ham olib chiqdilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:43:16
Ularni Gruziyadan qayoqqa qochganini aniqlash uncha qiyin emas edi. Kavkaz tog‘larining ort tomoniga o‘rnashib olgan «Gruziyadan kelgan qochoqlar» Stavropolda «xufiya iqtisodiyotni» muvaffaqiyat bilan rivojlantira boshladilar. Shevarnadze o‘z dushmanlarini ushlashga mohir edi. U zarur bo‘lganda, ularni, hatto, Brejnevning qabulxonasida ham ushlagan va maxsus samolyotlarda Tbilisiga qaytarib yuborgan. Bu gal ham u o‘ziga xos qat’iyat bilan harakat qila boshladi. U, albatta, Andropovning yordamidan umidvor edi. U Gorbachyovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘lka prokuraturasiga jo‘natilgan maxsus ro‘yxatda qayd qilingan shaxslarning hammasini qamoqqa olib, Gruziyaga jo‘natishni talab qildi. Gruziya kompartiyasi Markazqo‘mining Birinchi kotibi bo‘lgandan keyin Shevarnadze o‘zining qudratiga shu qadar ishonib ketdiki, respublikada rus tiliga davlat tili maqomini berdi. Bu bilan u Moskvaning ishonchini oqladi, lekin respublikada, ayniqsa, gurji ziyolilari o‘rtasida juda kuchli norozilik bo‘ronini tug’dirdi. Shuning uchun ham Shevarnadze uchun allaqanday bir viloyat qo‘mitasining kotibiga qo‘ng‘iroq qilish zarurat tufayli emas, shunchaki oddiy byurokratik odob-axloq doirasidagi jo‘n ish edi. Gruziya hukmdori Gorbachyovning qat’iyat bilan «yo‘q» deganini eshitganda nechog‘li taajjubga tushganini tasavvur qilish mumkin.

(Xushomadgo‘ylarning tasdiqlashicha, Gorbachyovning qat’iyati shu bilan izohlanadiki, bo‘lg‘usi Bosh kotib o‘sha vaqtlardayoq Stavropolda bozor munosabatlarini joriy qila boshlagan. Shuningdek, tilini tiyolmaganlarning tasdig‘iga qaraganda, Gorbachyov gruziyalik quvg‘indi xufiya «iqtisodchilar»ni shuning uchun o‘z himoyasiga olganki, ular Gorbachyovning xotini Raisa Maksimovnaga qimmatbaho taqinchoq tuhfa qilib ulgurishgan ekan.

Bizningcha esa, bu yerda ish ancha murakkab. Brejnevga qarshi fitna tayyorlar ekan, Andropov pulga muhtoj bo‘lgan va «xufiya iqtisodiyot» korchalonlarining vaqtincha qo‘llab-quvvatlashiga erishmoqchi bo‘lgan. Va, albatta, kelajakda ularni butunlay qirib tashlash ko‘zda tutilganini ularga bildirmagan.)

Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:47:22
Shevarnadze g‘azabdan tutaqib, Gorbachyovga kim ekanini eslatib qo‘ydi («O’ylab ko‘r, sen kim-u, men kim?») va darhol Andropovga shikoyat qildi. Lekin bundan hech qanaqa ish chiqmaganini ko‘rib, Shevarnadze yana hang-mang bo‘lib qoldi. Partiya nomenklaturasida «rutbalar»ga juda qattiq rioya qilinardi. O’sha rutbalar darajasiga ko‘ra Shevarnadze o‘lka qo‘mitasining kotibini o‘zidan quyiroq deb hisoblar va bu fikrida mutlaqo haq edi. Ammo amalda boshqacha bo‘lib chiqdi — o‘lka qo‘mitasining kotibi Shevarnadzedan zo‘rroq chiqib qoldi. Holbuki, bu gal gap ochiqdan-ochiq qonunning buzilishi haqida bormoqda edi. Ikkalasining ham homiysi Andropov edi. Kelajakdagi kurashda gurji Shevarnadzedan Gorbachyov ko‘proq kerak edi.

Bu vaqtga kelib, Brejnev og‘ir xastalikka chalingandi. 1976 yilda miyasiga qon quyildi va vrachlar uni zo‘r-bazo‘r o‘limdan olib qolishdi. Vaqt-vaqti bilan davlat va partiya rahbarining miyasi aynib qolardi. Bunday paytlarda u butun dunyoga masxara bo‘lib, ordenlarga, yaltiroq taqinchoqlarga, xorijiy buyumlarga o‘chligini namoyish qilardi. Nomenklatura hamisha shunaqa miyasi aynigan Bosh kotibni orzu qilgan. Shuning uchun Brejnev hamma lavozimlarida muqim qolishini ta’minlash uchun hamma choralarni ko‘rishdi, chunki butun mamlakatni bemalol talon-toroj qilish uchun Brejnevdan yaxshiroq panoh topib bo‘lmasdi. Brejnevga Sovet Ittifoqi Marshali unvonini berishdi, «G’alaba» ordeni bilan taqdirlashdi. Mamlakat tarixi oyoq osti qilinib, tahqirlandi. To‘g‘ri, Stalinda «G’alaba» ordeni ikkita edi va u marshal emas, generalissimus bo‘lgandi. Ammo, Brejnevda hali bunga fursat bor edi.

Andropov bir necha marta Brejnevni nafaqaga jo‘natishga, yangi bosh kotib lavozimiga Kulakovni saylashga urinib ko‘rdi, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatli chiqmadi. Nomenklatura Brejnevni jon-jahdi bilan himoya qildi. Lozim bo‘lganda kuch ishlatib, boshqa hollarda sinalgan partiyaviy nizolar usulini qo‘llab, har bir Siyosiy byuro a’zosiga Markazqo‘m a’zosi ustidan to‘plangan fosh qiluvchi materiallarni ro‘kach qilib, Andropov va Kulakov nomenklatura bilan murosaga kelishdi. Brejnev yaqinda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi qilib saylangan edi, u shu mansabda qoladi, partiyaning Bosh kotibi lavozimi esa Kulakovning qo‘liga o‘tadi. Bu masala hal qilingan deb hisoblanardi, shuning uchun mamlakat va dunyoni oldindan shunga tayyorlay boshladilar. Avval G’arb gazetalari uchun axborot «chiqib ketishini» ta’minladilar, keyin esa yopiq partiya majlislarida va Markazqo‘m yo‘riqchilarining ma’ruzalarida bu haqda ochiq gapira boshlashdi. Andropov bilan Kulakov darhol ishdan olinishi kerak bo‘lgan nomenklatura xodimlarining maxfiy ro‘yxatlarini tayyorlab qo‘yishdi. Kulakov KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibi lavozimini egallashi bilanoq, bu ish amalga oshirilishi kerak edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:48:53
1978 yil 16 iyundan 17 ga o‘tar kechasi maxsus aloqa telefonining chinqiroq ovozi Andropovni uyqudan uyg‘otdi.

Muovini general Pirojkov hayajonli ovozda Kulakov o‘lib qolganini ma’lum qildi. Hang-mang bo‘lgan Andropov qirq minutdan keyin KGBning ikkita operativ guruhi bilan Kulakov turadigan dala hovliga yetib bordi. Soqchilar o‘zlarini yo‘qotib qo‘ygan, ranglari qum o‘chgan. Marhumning sevimli ovcharka iti jon-jahdi bilan zanjirni uzib yuborguday bo‘lib akillaydi. Xotinining javdiragan ko‘zlari. Kulakov o‘zining shaxsiy saunasida tomirini kesibdi. Ko‘lmak qon ichida tibbiy nishtar yaltiraydi.

Markazqo‘mda Kulakovning o‘limiga uncha parvo qilishmadi. Bir kun avval uni qishloq xo‘jaligidagi ahvol uchun qattiq tanqid qilishgan edi. Sho‘rlikka bu tanqid malol kelibdi-da... Rasman «KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi Fyodor Davidovich Kulakov to‘satdan yuragi to‘xtab qolgani uchun vafot etdi» deb e’lon qildilar. Kremldagi 4-tibbiy boshqarmaning boshlig‘i Yevgeniy Chazov imzo chekkan tibbiy hisobot shu darajada chalkash ediki, hatto, uni e’lon qilishga jur’at etishmadi.

Kulakovni Qizil maydonga dafn etishdi. Ko‘zga tashlangani shu bo‘ldiki, na Brejnev, na Suslov, na Kosigin, na Chernenko dafn marosimida qatnashdi. Siyosiy byuro a’zosini dafn etishga ularning qatnashmagani g‘alati edi. Holbuki, bunaqa yuksak darajadagi rahbarni dafn qilish yo‘riqlari allaqachon ipidan-ignasigacha ishlab chiqilgan va shu paytga qadar biron marta ham bu tartib buzilmagandi. Mavzoley minbaridan nutq so‘zlagan, nisbatan hali yosh, peshonasida tug‘ma qizil dog‘i bor yigitga hech kim tuzukroq e’tibor bermadi. Bu yigit dafn marosimiga Stavropoldan uchib kelgan Mixail Gorbachyov edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:49:30
KGBning katta sud-medeksperti general-mayor Lipatskiy Andropov nomiga yozgan shaxsiy dokladida komil ishonch bilan shuni tasdiqlaydi: Kulakov hushsiz yotgan vaqtida uning tomiri kesilgan. Andropov garchi Kulakovni o‘ldirib bo‘lishgandan keyin tomirini qirqish kimga zarur bo‘lib qolganini tushunmasa-da, Lipatskiyning gapiga ich-ichidan ishondi. Zero, Kulakov unga bir necha marta: «Agar biz yengilsak, tomirimni kesaman», — degan edi. Kimdir uning bu gapini aynan so‘zma-so‘z tushungan ko‘rinadi.

Oradan ko‘p o‘tmay avtomobil halokatida Masherov halok bo‘ldi. Uning zirhli yengil mashinasi samosval bilan to‘qnashib ketdi. Holbuki, respublikada partiya rahbari qaerga yo‘l oladigan bo‘lsa, darhol yo‘ldagi har qanday harakat to‘xtatib qo‘yilardi. Samosval qaerdan paydo bo‘lib qoldi? Mast haydovchi bir kolxozdan keladigan qishloq yo‘lidan kelib, ikki post oralig‘ida katta yo‘lga chiqqanini gapirib berdi. Ammo bunday postlar kichik yo‘l katta yo‘lga kelib qo‘shiladigan har bir chorrahaga qo‘yilishi shart edi.

Yana bir oz o‘tgandan so‘ng esa, Vitebsk rayonida Andropovning shaxsiy samolyoti yerga qulab tushdi. KGB xo‘jayini nima sababdandir so‘nggi daqiqada bu samolyotda uchmay qolgandi.

Pinhoniy urush e’lon qilingan edi.

Kimdir Brejnevning panohida bir qator qotilliklarni uyushtirib, 1954 yildagi nomenklatura bitimini oshkora buzishga kirishgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:50:44
Moskvaning markazida Eski maydonga qarab qurilgan juda katta bino butun bir rayonni egallaydi. Bu imoratda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining Markaziy qo‘mitasi joylashgan. Mamlakatda sodir bo‘layotgan hamma jinoyatlarning va dunyoda yuz berayotgan mudhish algov-dalg‘ovlarning izlari shu yerga kelib birlashadi. Shu yerdan behisob tomirlar taralib ketgan — ular bepoyon mamlakatning hamma shirasini so‘rib oladi, uning boyligini shaxsiy po‘lat sandiqlarga va xorijiy banklarga joylab beradi. Shu yerda o‘z xalqini mafkuraviy va jismoniy jihatdan ahmoq qilish borasidagi mislsiz dasturlar ishlab chiqiladi va butun dunyoga hukmdor bo‘lish orzulari ardoqlanib, parvarishlanadi. Bu yerda millionlab odamlarning va butun-butun davlatlarning taqdirlari hal bo‘ladi. Markazqo‘mning Boris Ponomaryov rahbarlik qiladigan Xalqaro bo‘limida ish bir lahza ham to‘xtamaydi. Bu yerda qo‘llanmalar va yo‘riqlar ishlab chiqilib, dunyoning hamma mamlakatlariga jo‘natib turiladi. Shu yerdan oshkora va yashirin kommunistik partiyalarni, isyonchi guruhlarni, terrorchi tashkilotlarni, so‘l va millatchi kommunistik gazetalarni, saylov jarayonlarini, poraxo‘r davlat arboblarini va davlat arbobi bo‘lishni orzu qiluvchi mohir jinoyatchilarni moliyaviy ta’minlash uchun behisob mablag‘lar yuboriladi. Avvalgi lenincha usul bo‘yicha Kambodjada hokimiyatni egallab olgan kommunistlar qizishib ketib, aholining yarmini — olti milliondan uch millionini qirib tashladilar. Habashistonda odamlar yalpi otilib, ochlikdan qirilyapti-yu, Addis-Abebada esa hech narsa bo‘lmagandek, Qurultoylar qasri barpo etilyapti, mahalliy kommunistik «dohiychalar» esa ag‘darib tashlangan imperator qasriga joylashib olib, shohona tarzda hayot kechirmoqdalar. Kommunistik tuzumni saqlab qolish uchun Angolaga Fidel Kastroning armiyasi tashlandi. Bu Kubaga berilayotgan moliyaviy yordamni kuniga 10 million dollargacha ko‘paytirish degan gap edi.

Rus oltini xorijga daryo bo‘lib oqmoqda. Uni nimaga xarjlashni yaxshi bilishadi. KPSSga qarashli xorijdagi eng katta bankda amalda rahbar o‘rnida Boris Ponomaryovning o‘g‘li Vladimir Ponomaryov o‘tirgani bejiz emas. Nomenklatura allaqachon o‘z hokimiyati va boyligini meros qilib qoldiradigan bo‘lgan. U yadro raketalari bilan qurollangan, dengiz hududlariga atom minalarini joylashtirib, o‘zini muhofazalab olgan. Shu bilan asoschisining telba ishini davom ettiryapti. Ularning sa’y-harakatlari bilan dunyodagi eng katta va eng boy mamlakat bepoyon bir botqoqqa aylandi. Ular o‘zlari ham jamiki g‘oyalari bilan shu botqoqqa botib borayotganligini hali bilmaydilar.

Andropov buni ko‘rib turardi. U liberal ham, demokratiya tarafdori ham emas edi. Aksincha, u kommunistik tuzumni jahondagi eng yaxshi tuzum deb bilgan, kelgusida butun dunyoda kommunizmning g‘alaba qozonishiga astoydil ishongandi. Shuning uchun ham hashamat hamda korruptsiya botqog‘iga botayotgan shu tuzumni halokatdan saqlab qolishga harakat qildi. Brejnev iftixor bilan SSSRni dunyodagi birinchi «rivojlangan sotsializm mamlakati» deb atar edi. Andropov esa shu mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealardan tashqari jahondagi kommunistik harakatning ahvoli qanday ekanligini ham yaxshi bilardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:52:52
Fransiya Kompartiyasiga har yili SSSRdan bevosita Yevrobank orqali 2 million dollar jo‘natiladi. Ular har xil «ishonchli odamlar», soxta korxonalar va tashkilotlarning hisoblari orqali esa yana 4 million dollar oladi. Bir vaqtlar Torez zamonasida bo‘lganidek, bu pullar ko‘pdan beri na kommunistik harakatga, na ishchilar faoliyatiga sarflanadi. Fransiya Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi Marshe (aslida, e’tiqodiga ko‘ra natsist), partiyaning bosh xazinachisi Gosna, «Yumanite» gazetasining bosh muharriri Andrie va «fransuz proletariatining boshqa dohiylari» kompartiyani allaqachon birja bilan o‘g‘rixona o‘rtasidagi bir narsaga aylantirib olganlar. Sho‘roviy hamkasblaridan orqada qolmaslik uchun ular ham katta imoratlar va qasrlar xarid qilishib, hashamatu farog‘at ichida hayot kechiradilar. Ular, hatto, o‘zlarining gazetasi «Yumanite»ni tarqatishga ham erinishadi. Tirajning to‘rtdan uch qismini yakshanbalik ilovalari bilan birga Moskvaga jo‘natishadi. Ular bir necha vaqt Moskva do‘konlarida yotadi-da, keyin makulaturaga topshiriladi. Lekin bu ham holva. Moskvadan dollarlar olar ekan, fransuz kompartiyasi rahbarlari bu pullarga eng nufuzli fransuz va boshqa yirik kompaniyalarning aktsiyalarini xarid qiladilar. Undan katta daromad ko‘rishib, bir qismini o‘zaro taqsimlashadi, qolganini esa SSSRdagi valine’matlari hisobiga o‘tkazishadi.

Shunday yo‘l bilan orttirilgan pullarga esa, yana aktsiyalar sotib olishadi va shu zaylda G’arb iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilishadi. Pullarning bir qismini fransuzlar oshkora tarzda qimor va fahsh ishlar biznesiga sarflashadi, bundan juda katta daromad ko‘rishadi va uni yana o‘zaro hamda sho‘roviy valine’matlari bilan arra qilishadi.

Amerika Kompartiyasi esa o‘zining ikkita gazetasini nashr etishni istamadi. Ularning materiallarini Moskvada yozib, o‘zini KPSS bosmaxonasida chiqarishadi. Gazeta bosilgandan keyin uni, asosan, SSSRning o‘zida tarqatishadi. Bu gazetalarni oliy o‘quv yurtlaridagi ajnabiy tillar kafedralari va talabalar xarid qiladi. Talabalar chet tilidan imtihonni shu gazeta bo‘yicha topshiradilar. AQSh Kompartiyasi allaqachon tekinxo‘rlikni kasb qilib olgan bir guruh odamlar to‘dasiga aylanib qolgan. Ular mutlaqo qo‘lini sovuq suvga urmagan holda, har yili Moskvadan ikki million dollarni qurtday sanab olardilar. Buning evaziga sira uyalib-netib o‘tirmay, AQShning ijtimoiy hayotida qozongan muvaffaqiyatlari haqida Moskvaga xabar berib turadilar. Prezidentlikka saylovlar chog‘ida esa har gal Gess Xoll g‘alaba qozonadi deb va’da qilishadi va saylov kompaniyasini o‘tkazish uchun yana bir-ikki million dollar talab qilishadi. Aftidan, Gess Xoll Moskvadagi «AQSh va Kanada instituti» xodimlaridan allaqaysilariga pora qistirish havosini yaxshi olgan ko‘rinadi. Negaki, har gal prezidentlikka saylovlar bo‘lganida, bu institut Amerika kommunistlari nomzodining prezidentlikka o‘tish-o‘tmaslik imkoniyatlari to‘g‘risida taxminan quyidagicha tavsiya beradi: «Hukmron doiralarning qattiqqo‘l siyosatiga qaramay, AQSh Kompartiyasining obro‘-e’tibori muntazam ravishda o‘sib bormoqda. Kompartiya o‘z atrofiga million-million ishchilardan iborat AQSh ishchilar sinfining ilgor otryadini jipslashtirmoqda. Shuning uchun saylovlarda proletariatning qudratli ovozi yangramoqda».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:54:17
G’arbiy kompartiyalar Moskvadan muttasil olib turgan pulning bir qismi sovetlarning partiyaviy nomenklaturasiga sarflanishini hamma bilar edi. Ammo AQSh Kompartiyasi bu borada hammani ortda qoldirdi. Gess Xoll o‘zining hech kimga ma’lum bo‘lmagan xizmatlari uchun Moskvadan yiliga 100 ming dollarlik nafaqa undirdi. Buning uchun u Moskvada ellik ming dollar sarfladi. Pulning qadrsizlanishi tufayli bu nafaqa yil sayin ko‘payib, hatto, ikki million dollargacha yetib bordi. Garchi Gess Xoll Markazqo‘m apparati uchun AQShda allaqanday ko‘chmas mulk xarid qilayotgani va an’anaga ko‘ra bu jarayonda soliq to‘lamayotgani hammaga ma’lum bo‘lsa-da, unga nisbatan biron chora ko‘rishning iloji yo‘q edi. Faqat uni soliq idoralariga ushlab berish qolgan edi, xolos. «Shunday qilib qo‘ya qolsammikin?» — degan o‘y tez-tez Andropovning ko‘ngliga kelib turardi.

AQSh Kompartiyasi orqali biron tarzda razvedka ishlari olib borishning mutlaqo iloji yo‘q edi. Chunki u ham FQBga, ham Isroil razvedkasiga xizmat qiluvchi ayg‘oqchilarga to‘lib ketgan ekan. Amalda kompartiya nomigagina mavjudligi uchun Moskvadan mablag’ olar va buning uchun KPSS Markazqo‘mi apparatida kimlargadir pora berilar ekan.

GFR Kompartiyasidan jinday foyda bor edi. U «Qizil Armiya fraktsiyasi» va shunga o‘xshash terrorchi guruhlarni pul bilan ta’minlashda dallollik vazifasini bajarardi. Shu kanal orqali Italiyadagi «Qizil brigadalar» va hatto, Yaqin Sharqdagi buzg‘unchilar ham ta’minlab turilardi. GFR Kompartiyasi boshqa hech qanday faoliyat bilan jonini koyitmasdi, faqat ba’zi-ba’zida GDRlik ShTAZIning chuvi chiqqan ayg‘oqchilariga boshpana berardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:57:03
Finlyandiya Kompartiyasi har yili Moskvadan bir yarim-ikki milliongacha dollar olardi. Bu yerda ham alohida manfaatlar bo‘lib, ularning marksizm-leninizmga hech qanday aloqasi yo‘q edi. Bu partiya ham Suomi mamlakatidagi kommertsiya tizimlari bilan KPSS apparati o‘rtasida vositachilik vazifasini o‘tar va fin buyumlarini rivojlangan sotsializm mamlakatining bepoyon hududlari bo‘ylab tarqatishga yordam berardi. Tabiiyki, u nomenklaturani va u bilan bog‘liq chayqovchilarni fin muzlatkichlari, mebellar, saunalar, tutilgan G’arb mashinalari bilan birinchi navbatda ta’minlar edi. O’z mamlakatida esa kompartiya sovet buyurtmalarini kema quruvchi firmalar, matbaa va qog‘oz ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida taqsimlash, shuningdek, Sovet Ittifoqidan taxta yetkazib berish bilan shug‘ullanardi. Xullas, Finlyandiya Kompartiyasi o‘ziga ajratiladigan pullarni birmuncha halol ishlab topishgan. To‘g‘ri, ular pora yo‘li bilan ham jinday pul olganlar. Shuningdek, o‘z hisoblaridan KPSSning sarkash pullarini saqlash va oqlab olishda foydalanishga ham ijozat berishgan. Bu ishda ular ancha insof bilan bor-yo‘g‘i 7 foiz atrofida shirinkoma so‘rashgan.

Isroil Kompartiyasiga yiliga million dollar atrofida mablag‘ ajratilardi. Bu kompartiya a’zolarining ko‘pchiligi kuni kechagina SSSR va Polshadan kelgan odamlar bo‘lib olingan pullarni oshkora tarzda o‘z kissalariga urardilar. Buning evaziga ular knessetlarda jinday g‘alva ko‘tarishar, arab aholisini itoatsizlikka chaqirib xitoblar qilishardi. Ammo bu eng asosiysi emasdi. Partiya rahbariyati va ayniqsa, uning Bosh kotibi Vilner hukumat doiralari va jahon moliya doiralari bilan aloqalarga ega edi. 1967 yilda SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar uzilib qoldi. Shunday sharoitda Vilner olmos biznesida sovetlarning manfaatlarini himoya qildi va sovet zodagonlari Isroildagi rak kasalliklarining oldini olish markaziga bemalol kelib-ketishini uyushtirib turdi. Buning uchun, albatta, alohida haq oldi.

Butun jahon mamlakatlari bo‘ylab bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. KPSSning bunday olamshumul moliyaviy faoliyatini ko‘rib, taajjubga tushmaslik yoxud g‘azabga kelmaslik mumkin emas. Bu faoliyatning yana bir ajabtovur jihati bor — hamma narsa mamlakatdan tashqariga chiqqan. Hatto, KPSS allaqachon Sovet Ittifoqini xususiylashtirib olib, endi o‘zining boyishini ta’minlashdan tashqari, jahon kapitalistik tizimini har tomonlama mustahkamlashga otlangandek taassurot tug‘iladi. Har qanday jinoyatkor tashkilot kabi bolsheviklar partiyasi ham o‘z xavfsizligini har jihatdan puxta o‘ylagan. Shuning uchun unga biror tomondan zarba berib, ishkalini chiqarish g‘oyatda amri mahol. Kulakov bilan Masherovning halokati bu fikrni juda ravshan tasdiqlaydi. Andropov bularning hammasini yaxshi tushunar edi. U faqat bir narsani anglayolmasdi — nima uchun kattalardan hech kim partiyaning muhtasham binosi poydevori cho‘kayotganini ko‘rmayapti (yoki ko‘rishni istamayapti). Bu ahvolda bino qulab tushishi muqarrar-ku! Bino qulasa, uning xarobalari partiyaning o‘zini ham, xayoliy ideallarini ham ko‘mib yuboradi. Partiya partiyalikdan chiqib, amalda qotillar, o‘g‘rilar va chayqovchilar to‘dasiga aylanib qolgani ayon.

Balki biron joyda bu imoratning qulashini rejalashtirib qo‘yishgandir? Qaerda shunday qilishganiykin?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:57:25
Kulakov halok bo‘lgandan so‘ng Andropov kutishga ortiq fursat yo‘qligini angladi. Yo u allaqanday favqulodda ishlarni amalga oshiradi, yo halok bo‘ladi. Uning farmoni bilan KGBning alohida maqsadlarga xizmat qiluvchi jangovar guruhlari tuzila boshladi. Ular go‘yoki terrorchilikka qarshi kurashga mo‘ljallangan edi. Bu guruhlar «Alfa», «Gamma», «Delta» degan nomlarni olishdi. Ularning har biri taxminan uch yuztacha kallakesardan iborat bo‘lib, juda yaxshi o‘rgatilgan, har qanday mulohazakorlikdan uzoq, istagan topshiriqni darhol ado etadigan kimsalar edilar. Bundan tashqari, ikkita harbiy desant diviziyasi va bitta tank diviziyasini KGB ixtiyoriga berishga Brejnevni ko‘ndirishga muvaffaq bo‘lishdi. Armiya bu haqoratga miq etmay chidadi. KGB bilan armiya o‘rtasidagi munosabatlar hamisha qasdma-qasdiga o‘zaro nafrat asosida shakllantirilar edi. Armiya 1938 yilni unutgani yo‘q. O’shanda chekistlar armiyaning deyarli hamma qo‘mondonlarini, shu jumladan, uchta marshalni mahv etgan edi. Chekistlar esa o‘z navbatida 1954 yilni yodda saqlashardi — shu yili armiya chekistlardan o‘chini olgan, DXM rahbariyatini bitta qoldirmay otib tashlab, qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarni tanklar bilan yanchib tashlagandi.

Ammo hozirgi paytda armiya juda yomon ahvolda edi. Uning rahbariyati aql bovar qilmaydigan hashamat qo‘ynida rasvo bo‘lib ketgandi. Buni, ayniqsa, mudofaa ministri Ustinov rag‘batlantirardi. Ustinov harbiy odam bo‘lmagan, marshallik kiyimlarini eplab kiya olmasa-da, Stalin nomenklaturasi saflarida obdan chiniqqan edi. Bu mansabga uni Brejnevning o‘zi qo‘ygandi. Brejnev o‘zi marshal bo‘lib olgandan keyin qolgan marshallarning hammasiga ishonqiramay qaray boshladi. Shuning uchun u qurolli kuchlar rahbarligiga partiya nomenklaturasidan chiqqan odamni qo‘yishga qaror qildi. U — harbiy odam emas, nima qilibdi? Harbiy ishlarda omiroq, lekin shaxsan Brejnevga sadoqati zo‘r. Shu tarzda armiyaning rahbariyati zaiflashib borar ekan, uning quyi qismi ham shitob bilan chiriy boshladi, Stalin barpo etgan bepoyon GULAG allaqachon jinoyatchilar fe’l-atvorini va jinoyatchilar tilini butun sovet jamiyatiga tarqatib bo‘lgan edi. Hatto, akademiklar ham ba’zan o‘zlari sezmagan holda jinoyatchilar lahjasida gapirishga tushardilar. Tabiiyki, bu illat birinchi galda armiyaga yopishdi. Armiyada eng vahshiy jazo zonalarining rasm-rusmlari va tartiblari joriy bo‘la boshladi. Ular sekin-asta jangovar an’analarni va harbiy intizomni siqib chiqardi. Askarlar bir-birlarini ayamasdan tahqirlar va allanechuk qattol shafqatsizlik bilan bir-birlarini o‘ldirar edilar. Ofitserlar piyonistalikka qattiq ruju qo‘yishgandi. O’zlarining yashash tarzlari bilan ular askarlarga mudhish namuna ko‘rsatardilar. Ofitserlar soldatlarni tahqirlar va tabiiyki, o‘zlari ham boshliqlari tomonidan muntazam tazyiq ostida yashar edilar. Armiyada oshna-og‘aynigarchilik avjiga chiqqan, o‘g‘rilik esa aql bovar qilmaydigan darajada edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:58:20
Andropov o‘z xatti-harakatlarini oqlash uchun keltirgan asosiy dalil juda jiddiy bo‘lsa-da, armiyadagi parokandalikka bevosita aloqador emasdi. Siyosiy byuroning navbatdagi majlisida KGBning xo‘jayini bir to‘p hujjatlar ko‘rsatdi. Ular respublikalarda Ittifoqdan ajralib chiqish mayllari keskin ravishda kuchayib borayotganini isbot qilardi. Bu tamoyillar yuqoridan — respublika kompartiyalari Markaziy Ko‘mitalari tomonidan uddaburonlik bilan boshqarib turilgandi. Buning sababi oddiy edi — respublikadagi nomenklatura Moskvaga o‘lpon to‘lashni ortiq xohlamay qolgandi. Ular to‘la mustaqil bo‘lishni va o‘z xatti-harakatlari uchun birovning oldida hisob bermaslikni istar edilar. Agar vaqtida ularning tanobi tortib qo‘yilmasa, Ittifoq barbod bo‘lishi tayin. Kremldagi qariyalarning yoshlanib turgan ko‘zlarida oshkora qo‘rquv chaqnadi. Ular Andropovga umidvor nigoh bilan qarab turishar, undan najot choralarini kutishardi. Andropov esa o‘zining bir tekis va tussiz ovozi bilan mamlakat boshidagi kulfatlarni sanashda davom etdi. Qishloq xo‘jaligi butunlay xarob bo‘lgan. Agar Amerika va Kanada g‘alla yetkazib berib turmaganida, SSSRda allaqachon oziq-ovqat mahsulotlari uchun kartochka tizimini joriy qilishga to‘g‘ri kelardi. Brejnev kutilmaganda ko‘zini ochib, yarim falaj jag‘larini zo‘rg‘a qimirlatib dedi:

«Axir Siyosiy byuroda qachon siyosatboz muxolif emas, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha haqiqiy mutaxassis paydo bo‘ladi?»

Bu marhum Kulakovga ishora edi.

Andropov darhol Bosh kotibni ishontirib, bunaqa odamni topganini aytdi va uni xohlagan paytda o‘rtoqlari — Siyosiy byuro a’zolari qarshisida namoyon qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Qariyalar taajjub ichida bir-birlariga qarab olishdi va maxfiy politsiya boshlig‘iga savol nazari bilan tikilishdi. Kimni nazarda tutyapti u? Andropov Gorbachyovning nomini aytdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 11:58:56
Qariyalarning ko‘zida mamnuniyat chaqnadi. Gorbachyov deganda ular Stavropol shifoxonalarida rohatu farog‘atda o‘tkazgan kunlarini esladilar. Hammalari o‘sha yerdagi Birinchi kotibning xushmuomalaligini, har bir istakni bajo qilishga tayyorligini, tortinchoqligini, kamsuqumligini xotirlashdi. Yana uning navqironligini aytmaysizmi? Ularning har biriga o‘g‘il bo‘lsa bo‘lguday. Undan qo‘rqadigan joyi yo‘q. Bemalol Moskvaga olsa bo‘ladi. Mutaxassis bo‘lsa, mayli, qishloq xo‘jaligini ko‘tarsin. (Ko‘pgina odamlarning fikricha, agar Gorbachyov boshqa istagan joyda, masalan, Voronej viloyat qo‘mitasida kotib bo‘lganida, Andropov uni bunchalik osonlik bilan Moskvaga o‘tkazolmas edi. Bu gapda jon bor. Qiyin masala. Agar Andropov istasa o‘tkazish qo‘lidan kelardi. Lekin hamma masala shundaki, u buni istarmidi — yo‘qmi?)

1978 yilning 19 sentyabr oqshomida KPSS Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi va SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi o‘rtoq Brejnevni Bokuga olib ketayotgan maxsus poezd kutilmaganda Mineral suvlar temir yo‘l bekatida to‘xtadi. KGB xodimlari tomonidan qurshab olingan kurort shaharchasi perroniga shaxsiy soqchilar boshlig‘i general Jarovning qo‘liga suyangan holda Leonid Ilich Brejnev zo‘rg‘a tushdi. Uning yonida yordamchisi Konstantin Chernenko ham bor edi. Ularni Andropov bilan Gorbachyov kutib olishdi. Bu tarixiy uchrashuv edi. Shimoliy Kavkazning mo‘‘jazgina temir yo‘l bekatida uchrashgan bu to‘rt odamning qismatida yaqin kelajakda partiya va davlat rahbari mansabida bir-birini almashtirish bor edi. Ularning bittasining qismatida esa KPSSni ham, Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi deb atalgan bepoyon bir davlatni ham mahv etish yozilgan edi. Uchta o‘rtamiyona odam orasida siyosiy o‘yinlarning chinakam ustasi paydo bo‘lgan edi. Bunaqa mohir siyosatbozni dunyo o‘rta asrlardan beri ko‘rmagandi. Bir necha daqiqa mobaynida Gorbachyovning Moskvaga o‘tishi masalasi hal bo‘ldi. Stavropollik yosh kotib qo‘lini qisar ekan, Brejnev lablarini shapillatib dedi: «Qishloq xo‘jaligi — juda muhim. Sen mutaxassissan. Mamlakatni qutqar». «Mamlakatni qutqaraman», — deb javob berdi Gorbachyov, partiyaning «xudosi» oldida ehtirom bilan bosh egib. Gorbachyovning sochi to‘kila boshlagan, manglayidagi qonga o‘xshagan dog‘ Bosh kotib ko‘ziga juda xunuk ko‘rindi. Ammo u qizil rangda edi, buni esa yaxshilik alomati desa bo‘lardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:02:11
Brejnev Bokuga ketmoqda edi. Bu yerda u Andropovning odamlari milliy respublikalarda poraxo‘rlikni tag-tugi bilan yo‘q qilib, ajralib chiqish haqidagi har qanday fikrni tubdan yulib tashlash orqali tartib o‘rnatayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi edi. (Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Brejnevni Bokuda kutib olgan «Andropovning odami» Gaydar Aliev, hatto, Ozarboyjondan Naxichevan viloyatini ajratib, mustaqil deb e’lon qilmoqchi bo‘ldi. O’lpon hammaning ham sillasini quritgan edi-da.) Andropov bir narsadan umidvor edi — Bokuga kelib ketgandan keyin Brejnev Andropovni qo‘llab-quvvatlab, O’rta Osiyoda ham xuddi Kavkazdagiga o‘xshash tadbir o‘tkazishga imkon beradi, keyin esa Ukrainaga zarba tushadi. Axir u yerda ko‘pdan beri Brejnevning sodiq odami — o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan Shcherbitskiy o‘tiribdi.

Partiyaviy ixtiloflar ichida pishib ketgan, ko‘p yillik xizmat jarayonida rosa toblangan Andropov yulduzi charaqlab chiqadigan kun yaqinlashayotganini sezib turardi. Bu fursat kelishini tezlashtirish uchun bepoyon imperiyani bir silkitish lozim edi. Uni uyqudan uyg‘otish kerak, partiya rahbariyatining munkillab qolganidan foydalanib, hamma jilovlarni qo‘lga olish zarur. Buning uchun bir favqulodda sharoit yuzaga kelishi shart edi. Andropov KGBning xo‘jayini bo‘lishi bilanoq shunday sharoit yuzaga kelishiga ishongan edi. Xuddi shu umidda u Chexoslovakiyaga askar kiritishni tavsiya etgandi. Ammo kapalagi uchgan chexlar uning rejasini buzib qo‘ydi. Hozir boshqa bir imkoniyat yuzaga keldi. Eronda shoh ag‘darib tashlanganidan keyin hokimiyat tepasiga islom mutaassiblari keldi-yu, butun O’rta Sharq mintaqasida ahvol beqaror bo‘lib qoldi. Islom mutaassibligi to‘lqinday taralib, O’rta Osiyo respublikalari ustiga yopirildi...

Respublikalarda millatchilik va ruslarga qarshi kayfiyatlar ustalik bilan qo‘llab-quvvatlana boshladi. Hozircha bu ishlarda kommunizmga qarshi kayfiyatlar ko‘rinmasdi. Larzaga tushgan va tarqoq holda yotgan bu mintaqa aslida sovetlarning aralashuviga mushtoq edi. Bu yerda Eron ahvolni barqaror qilib turgan asosiy omil hisoblanardi. U harbiy jihatdan baquvvat bo‘lib, AQSh bilan ittifoqi tufayli esa yanada qudratli edi. Islom inqilobi tufayli paydo bo‘lgan keyingi boshboshdoqlikda Eron butunlay barbod bo‘ldi. AQSh islomning asosiy dushmani deb e’lon qilindi, Tehronda Amerika elchixonasi tor-mor keltirildi, ammo u bilan birga mahalliy kompartiya ham mag‘lub bo‘ldi, uning rahbarlari xalq oldida osildi. Afg‘onistonda g‘alayonlar boshlandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:04:22
Ajoyib imkoniyat tug‘ildi. SSSR bir zarba bilan Afg‘oniston orqali Eron va Pokistonga o‘tib, oz fursatda iliq Hind okeani sohillariga va jahon nefti zaxiralariga chiqib olishi mumkin edi.

Qisqa muddatli g‘olibona tadbir boshqa hamma foydalaridan tashqari mamlakatda tartib o‘rnatish imkonini berardi. Mamlakatni halokat yoqasiga olib kelgan tinch-totuv yashash siyosatini ham, turli-tuman «Xelsinki jarayonlari»ni ham bartaraf qilish, g‘alamislarni jilovlab qo‘yish, G’arbning buzg‘unchi ta’siriga barham berish, ishlab chiqarish intizomini mustahkamlash, odamlarni hushyor torttirish, partiyani jipslashtirib, yana jangovar kurash yo‘liga olib chiqish mumkin bo‘lardi. Andropov bu rejani amalga oshirish uchun Afg‘onistondan ko‘ra tuzukroq joyni izlab topolmasdi.

1978 yilning 27 aprel kuni Afg‘onistonda kommunistik to‘ntarish sodir bo‘ldi. Bu to‘ntarishni Andropovning xodimlari bir necha yil mobaynida tayyorlagan edilar. Muhammad Dovudning demokratik hukumati «Afg‘oniston Demokratik xalq partiyasi» degan nom bilan ataladigan kommunistik fraktsiya tomonidan ag‘darib tashlandi. Moskvaning bevosita ayg‘oqchisi Taraqqiy prezident bo‘ldi. Darhol SSSRdan juda keng ko‘lamda iqtisodiy va moliyaviy yordam keldi, Afgonistonga sho‘rolarning minglab «maslahatchilari» yopirildi. «Yagona chin ta’limot» asosida harakat qilgan Taraqqiyning kommunistik hukumati darhol odamlarni otishga, masjidlarni buzishga, xalqni yalpi talashga kirishdi. Bunga javoban xalq isyon ko‘tardi. Uchchiga chiqqan kaltafahm odamgina musulmon mamlakatida shunday bema’niliklarni qilishi mumkin edi. Isyon tobora zo‘rayib bordi, kommunistik tuzumning ag‘darilishi aniq bo‘lib qoldi. G’arb hech qanday munosabat bildirmadi. U yerdagilar Moskvani cho‘chitib yubormaslik uchun nafaslarini ichlariga yutdilar. Tabiiyki, Kobulning kommunistik rahbarlari o‘rtasida darhol nifoq boshlandi. 1979 yilning 14 sentyabrida yangi tuzumning Bosh ministri Amin prezident Taraqqiyni otib tashladi va o‘zini-o‘zi prezident deb e’lon qildi. Taraqqiy qo‘zg‘olon ko‘targan xalqni bostirish uchun Sovet Ittifoqidan qo‘shin kiritishni so‘rab, bitimga imzo chekmoqchi edi. Amin bunga qarshi chiqdi. U Moskvaning Afgonistonga qo‘shin kiritishi juda katta xato bo‘lajagiga, uning oqibatlari halokatli ekaniga, isyonni o‘zi ham bostira olishiga ishontirmoqchi bo‘ldi. U Afg‘onistonda isyon odatdagi voqea, o‘tmishda Abdulla degan qirol zo‘r bir gapni aytib ketgan: «Afg‘oniston arining ini. Lekin unda ari ko‘p-u, asal yo‘q». Moskva sharoitni tushunmaydi, deb turib oldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:05:02
Aminning bunday kayfiyati Andropovning hamma rejasini chippakka chiqardi.

Moskvada Siyosiy byuro majlisida Andropov Aminning ko‘pdan beri Markaziy Razvedka Boshqarmasining josusi ekanligidan dalolat beruvchi hujjatlarni namoyish qildi. U SSSRdan yordam berishni iltimos qilmayapti, sababki u amerikaliklardan yordam so‘ramoqchi. Amerikaliklarning ta’limini olgan, amerikaliklar tomonidan qayta qurollantirilgan afg‘on armiyasi darhol bizning chegaralarimizda ig‘vogarlikni boshlaydi. Ular Amerikaning raketa bazalari va aerodromlariga tayanib ish yuritishadi. «Qaysi aerodromlar» deysizmi? Amerikaliklar afg‘on tuprog‘iga kelgach, bir zumda ularni qurib tashlashadi-da! Bular qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.

Kengashda ishtirok etgan SSSR Tashqi ishlar ministri Gromiko o‘z kanallari orqali olingan materiallarga qo‘ra, Amin chindan ham amerikaliklarga yordam so‘rab murojaat qilmoqchi ekanini tasdiqladi (Gromikoning xotini g’ayriqonuniy tarzda mamlakatdan javohir olib chiqib ketayotganda qo‘lga tushgan, shuning uchun Gromiko biron og‘iz gap bilan Andropovga qarshi chiqolmasdi). Kobuldagi sovet rezidentining ma’lumotiga ko‘ra, Amin bir kuni, hatto, shunday degan emish: «Xudoga shukur, tez orada amerikaliklar kelib, bizda tartib o‘rnatishadi!» Uning bu xitobini sovet razvedkasi, hatto, plyonkaga ham yozib olibdi. Bularning bari g‘irt uydirma edi. Kobuldagi rezident ma’lumot ustiga ma’lumot jo‘natib, sovet qo‘shinlarini kiritmaslikka da’vat etardi. Sovet rezidenturasining qo‘liga shunday materiallar tushdiki, ular Taraqqiyning ham, uning partiyasining ham boshqalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lganini isbot qilardi. Ular bu qo‘g‘irchoqlar faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri SSSRni biron yirik mintaqaviy mojaroga tortishga yo‘naltirishgan. Buning uchun Taraqqiy 40 million dollar olgan. Bu pulni u sheriklari bilan taqsimlashi kerak edi. Ammo u bunday qilmadi va shu sababli halok bo‘ldi. Hafizulla Amin bu to‘da ichida milliy kayfiyatdagi yagona arbobdir. U hammadan ortiq SSSR va AQShning Afg‘oniston tuprog‘ida o‘zaro to‘qnashuvidan qo‘rqadi. Bu hujjatlarga hech kim ahamiyat bermadi, holbuki ularni Andropovga ma’lum qilishgan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:06:03
Andropov hech qachon Amerikada bo‘lmagan, hatto, uni xufiya tarzda ham borib ko‘rmagandi. Brejnev esa Amerikaga borgan, borganda ham rasmiy tashrifning hamma rasm-rusmlarini o‘rniga qo‘yib borgandi. Amerika unga ma’qul kelgandi. U birinchi bo‘lib qimmatbaho fin javonining tokchalarida Amerikaning chiroyli shishalari va Amerika sigaretalari saqlashni odat qilgandi. Bu rasm nomenklatura o‘rtasida juda tez tarqadi. (Axir dohiyning qiliqlariga taqlid qilsa arzimaydimi?) Ularga qarab, savdo ahlining zodagonlari ham shunday qila boshladilar. Keyin kimda-kim bunaqa qimmatbaho narsalarga kuchi yetsa, u ham bu rasmni ushladi. Shuning uchun. «amerikaliklar kelib tartib o‘rnatadi» degan so‘zlarni eshitib, Bosh kotib horg‘in xo‘rsindi. Keyin marshal Ustinovga savol bilan murojaat qildi: «Armiya Afg‘onistonda qancha muddatda tartib o‘rnatishga kafolat beradi?» Ustinov, aftidan, Afg‘onistonni Chexoslovakiya bilan aralashtirib yuborgan chog‘i, qat’iy ohangda ikki haftada to‘la tartib o‘rnatiladi deb vada berdi. «Juda nari borsa, bir oyga borar, - deb ilova qildi Andropov, - keyin qo‘shinlarni uyga qaytaramiz». Lekin dilida bunday qilish fikridan batamom uzoq edi. «Tinch-totuv yashash masalasi qanday bo‘ladi? — deb so‘radi Chernenko. — Ular bizga berayotgan qarzlarini to‘xtatib qo‘yishadi-ku, Leonid Ilich?» Brejnev Gromikoga qaradi. U o‘zining tortinchoq ma’yus tabassumi bilan jilmaydi. «Tinch-totuv yashash nimasi, Leonid Ilich? Axir, ular mustaqil Afg‘oniston hududidan turib, raketalarini pesh qilib, bizni qo‘rqitmoqchi bo‘lishyapti-ku!»

Brejnev ko‘zlarini yumib o‘tirardi. Uning ko‘kragida Qahramonlik yulduzlari xira yaltillab turibdi. Bosh kotib ko‘zlarini ochmay dedi: «Bizga harbiy yordam so‘rab qilingan murojaat, albatta, bo‘lsin. Tamom!» Sapchib turgan xos soqchilar Bosh kotibni o‘tirgan joyidan turg‘izib qo‘shni xonaga olib chiqib ketishdi. Ukol qiladigan vaqt bo‘lib qolgandi. Quruqlikning oltidan biriga hukmronlik qiluvchi odam ukollar bilan jon saqlardi. Ammo Amin o‘jarlik qilib turib oldi. U o‘z mamlakatining hududlariga biron ajnabiy armiyaning kirishi haqidagi gapni eshitishni ham istamasdi, chaqirib olib kirishga esa ikki dunyoda ham rozi bo‘lmasdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:06:46
1979 yilning 2 dekabrida Kobulga Andropovning shaxsiy vakili, KGB general-leytenanti Paputin uchib keldi. Uning vazifasi Aminni ko‘ndirish edi. Agar bunga muvaffaq bo‘linmasa, Paputin Aminni o‘g‘irlashni uyushtirib, Moskvaga olib ketishi lozim edi. Moskvada Amin bilan gaplashish osonroq ko‘chardi. Amin oyoq tirab turib oldi. U sovet qo‘shinlarining kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. 22 dekabr kuni salla o‘ragan, chopon kiygan bir guruh allaqanday kallakesarlar sovet muassasalari va vakolatxonalarining xodimlari istiqomat qiladigan imoratga hujum qilishdi, ular yigirmatacha SSSR fuqarosini o‘ldirib, kallalarini kesib, nayzaga ilib Kobul ko‘chalaridan olib o‘tdilar. Politsiya ularga qarata o‘t ochdi. Qotillar kallalarni yerga uloqtirib tum-taraqay bo‘lishdi. Politsiyachilar bezorilarning ko‘pchiligi sallalarini noto‘g‘ri o‘rashganini sezib qolishdi. 23 dekabrda Aminga nota topshirildi. Unda aytilishicha, «22 dekabrdagi qonli mojaro shundan dalolat beradiki, afg‘on tomoni sovet fuqarolarini himoya qilish vazifasini bajara olmayotir, shuning uchun Sovet hukumati bu ishni o‘z qo‘liga olishga majbur».

Amin javobni o‘ylab bo‘lguncha, askar kiritish boshlandi. Bu ish xuddi Chexoslovakiyadagiga o‘xshagan tarzda amalga oshirildi. 24 dekabrda Kobulning shimol tomonida, 50 chaqirim uzoqlikda joylashgan Bagram aerodromiga 105-gvardiyachi havo-desant diviziyasi qismlari tushirildi. Bir vaqtning o‘zida sho‘ro «maslahatchilari» afg‘on qismlarini harakat qilish imkonidan mahrum qildilar — ular tank qismlarida dam olish kunlari uyushtirdilar, aloqani butunlay uzib qo‘ydilar, afg‘on armiyasining hamma oliy rahbariyatini ziyofatda ushlab turdilar. Desantchilarning jangovar mashinalari Kobulga bostirib kirib, poytaxtning strategik joylarini nazorat ostiga oldilar. KGBning maxsus bo‘linmasi («Delta») Kobuldan janubroqda bo‘lgan Dorul-omon qasrini o‘rab oldi. Prezident Amin shu yerda edi. «Delta» prezident qasrini qurshab olayotgan paytda, general Paputin Aminni SSSRga harbiy yordam so‘rab rasman murojaat qilishga yoxud iste’foga chiqishga ko‘ndirishga zo‘r berib urinmoqda edi. Uning o‘rnini Andropovning odami, Chexoslovakiyada istiqomat qilayotgan Babrak Karmal egallashi kerak edi.

Qasri qurshab olinganini ko‘rgan Amin Paputinni otib tashlagan va soqchilarini bir joyga to‘plab, qasrga bostirib kirgan parashyutchilar bilan jangga kirishgan. (Boshqa taxminlarga qaraganda, Aminni qo‘lga olish haqidagi buyruqni bajara olmagani va buning uchun qanday jazo olishi mumkinligini bilgani uchun Paputin o‘zini-o‘zi otib o‘ldirgan.) Aminning jasadi qasr yo‘laklarining biridan topilgan. Reja buzilgan. Amin halok bo‘lsa bo‘lganki, Andropovning ig‘vosiga uchmagan. Masala katta janjalga aylangan edi. Bu janjalni keyin ham sira silliqlab bo‘lmadi. Sovet qo‘shinlari mustaqil davlat hududiga bostirib kirdilar, uning prezidentini o‘ldirdilar va mamlakatni istilo qildilar. Jahon angrayib qoldi. Karmalning kechikkan xitoblari endi hech kimni aldayolmasdi. Ammo chekinishning iloji yo‘q edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:10:25
Kushka va chegaradagi boshqa shaharlar orqali Afg‘onistonga 357- va 66-motorlashtirilgan o‘qchi diviziyalar kirdi. Ular mamlakatning g‘arbidagi Hirot va Farax shaharlarini egalladilar. Ayni choqda 360- va 201-diviziyalar Termiz tomonidan bostirib borib, Salang yo‘lagini ishg‘ol qildilar. Sovet Ittifoqi o‘n yil davomida Afg‘onistonda katta yo‘l qurib, unga «Do‘stlik» deb nom bergan edilar. Yo‘l bitgandan keyin bir oy ham o‘tmay, unda sovet tanklari paydo bo‘ldi.

Ammo amaldagi ishlar Chexoslovakiya voqealaridan keskin farq qila boshladi. Xalq qo‘zg‘oloni shu paytgacha ko‘rilmagan ko‘lamga kirdi. Hatto ayollar va bolalar ham qo‘liga qurol oldi. Shoshilinch ravishda Afg‘onistonga yana to‘rt diviziyani olib kirishdi. Mamlakatni istilo qilib turgan qo‘shinning soni 150 ming kishiga yetdi. Sovet Ittifoqi uzoq muddatli va oqibatlariga ko‘ra juda og‘ir harbiy mojaroga qo‘shilib qoldi. Oqibat shu bo‘ldiki, bu hodisa uning o‘zini halokatga olib kelgan asosiy sabablardan biriga aylandi.

Vashingtondagilarning sevinchi ichiga sig‘may qolgandi. Tuzoq ish berdi. Amerika va Ovrupo haftaliklari rangdor muqovalarda chiqdi. Muqovada tishlari qonga belangan, ko‘zlari chaqchaygan, toptalgan murdalar ustidan qadam tashlab borayotgan, lekin ikkala panjasi bilan qopqonga ilingan vahshiy bir ayiqning tasviri berilgandi. Qopqonda «Afg‘oniston» degan yozuv bor edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:14:55
Lekin hali bular ham holva edi. Afg‘onistondagi mojaroda muvaffaqiyat qozonish uchun har ehtimolga qarshi Eron xavfining ham oldini olib qo‘yishga qaror qilindi. Bu sharoitda Erondan har nimani kutsa bo‘lardi. Eron AQShday ittifoqchisidan ayrildi, asriy tizimlarni kunpaya-kun qilgan inqilob uni ancha zaiflashtirdi. Shuning uchun Eron Afg‘onistondan keyingi navbatdagi qurbon sifatida ko‘z ostiga olib qo‘yilgandi. Hozircha esa islom inqilobi sardorlarining e’tiborini Afg‘onistondan chalg‘itib turish kerak edi. Zudlik bilan Moskvaga Iroq prezidenti, «sotsialistik yo‘nalishdagi taraqqiyparvar rahbar» — Saddam Husayn chaqirildi. Unga chegara masalasida Eron bilan bo‘lgan hamma eski tortishuvlarini juda oddiy bir yo‘sinda hal qilish mumkinligini — hamma bahsli hududlarni askar kiritib bosib oladigan fursat yetib kelganini ochiq aytishdi.

Urush olib borish uchun zarur bo‘lgan qurol-aslaha, yonilg‘i va boshqa narsalarni Sovet Ittifoqi beradi. Ha, bularni Bag‘dod qancha talab qilsa, shuncha beradi. Ayamaydi. Husayn rozi bo‘ldi, ammo urushning har yili uchun Shveytsariya bankidagi shaxsiy hisobiga 500 million dollardan o‘tkazib turishni talab qildi. Inflyatsiyani hisobga olgan holda, albatta. Qimmatmi? Eron Afg‘onistonga yurish qilsa-yu, O’rta Osiyoni g‘azovotga ko‘tarsa, bu yanada qimmatga tushadi.

Shunday qilib, Iroq qo‘shinlari Eron hududiga bostirib kirdi. Sakkiz yillik mudhish va qonli urush boshlandi. Urushda berilgan qurbonlar soniga va qo‘llangan usullariga ko‘ra bu urush Birinchi jahon urushini eslatardi. Lol qolgan jahonning ko‘z oldida Isroilning ikkita ashaddiy dushmani bir-birini tilka-pora qila boshladi. «Qadim zamonlardan beri Parvardigor bunaqa tuhfani bizga in’om etmagan edi, - dedi Isroilning bosh vaziri Begin. — Biz, albatta, bu urush hech qachon tamom bo‘lmasligi chorasini ko‘ramiz». Shunday deb, u Isroil harbiy havo kuchlariga har ehtimolga qarshi Bag‘dod yaqinidagi yadro raketalarini bombardimon qilishga buyruq berdi. Bu buyruq bajarildi. Sionizmni og‘ziga kelgan so‘zlar bilan so‘kkan Husayn o‘z samolyotlarini Tehronni bombardimon qilishga yubordi. Eronning og‘ir to‘plari Basrani o‘qqa tutdi. Basra — Fors qo‘ltig‘idagi chinakam javohir edi, o‘z vaqtida Sindbod Bahriy safarga shu yerdan jo‘nab ketgandi. Ana shu zambaraklar sadosi ostida Isroil Livanga bostirib kirdi va Falastinni ozod qilish tashkilotining jamiki harbiy tizimini tor-mor keltirdi. Bir yo‘la juda katta miqdorda sovet qurollari saqlanadigan omborlar ham yo‘q qilingan edi. Bu omborlarni barpo etishga Sovet Ittifoqi so‘nggi o‘n yil mobaynida bir yarim milliard dollar sarflagandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:15:36
Afg‘onistondan esa SSSRga yaradorlar va mayib bo‘lganlar tushgan eshelonlarni ortda qoldirib, qoraxatlar va qo‘rg‘oshin tobutlar kela boshladi. Armiya yana nechanchi marta bo‘lsaykin — jangovar harakatlar olib borishga tayyor emasligini namoyish etdi. Moskvadagi sarkardalar yadro quroliga mahliyoligicha qolgan edi. Ularga ishonib, armiya ham butun mamlakat kabi jahon standartlaridan juda orqada qolib ketgandi. Aloqa yomon, kiyim-kechak va aslaha masalasi ham chatoq edi. Dala sharoitida qon quyish uchun qo‘llanadigan asboblar yoxud sovutgich moslamalar to‘g‘risida hech kim eshitmagandi. Baland tog‘lar sharoitida harakat qila oladigan durustroq jangovar vertolyot ham yo‘q edi. Oziq-ovqatlarning sifati past edi. Qismlarda sariq epidemiyasi boshlandi. Italyan, amerika va isroil minalariga hech kimning tishi o‘tmasdi. Partizanlar ularni har qadamda minglab qo‘yib tashlagandi. Oyoqlaridan judo bo‘lgan yosh-yosh yigitlar sovet gospitallarini to‘ldirib yubordi. Ma’lum bo‘ldiki, davlat ularni mayiblar aravachalari bilan ta’minlash u yoqda tursin, hatto, oddiy protezlar ham topib berolmas ekan.

«Kommunizm jon taslim qilmoqda, — deb xulosa chiqargan edi voqealarni sharhlagan «Nyu-York tayms» gazetasi. — Kremlning hozirgi rahbarlari o‘z imperiyalarini halokatga duchor qilish uchun qo‘llaridan kelgan hamma ishni qilmoqdalar. Bundan ular qanday maqsadni ko‘zlaydi?»

KGB xo‘jayini o‘z xatti-harakatlari bilan qanday maqsadlarni ko‘zlagani amerikaliklar uchun qorong‘i bo‘lsa, Andropovning o‘ziga ular juda ayon edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:16:08
Bagram aerodromida harbiy-transport samolyotlarining bahaybat yukxonalaridan jangovar desant mashinalari tushib ulgurmay, butun bir brigada KGB xodimlari akademik Saxarovning uyiga bostirib kirishdi va hech qanaqa order yoxud qaror ko‘rsatmasdan rus vodorod bombasi otasini qo‘lga olishdi, mashinaga bosib, xorijliklar kirishi man etilgan Gorkiy shahriga olib borib tashlashdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga bostirib kirishi haqida Saxarov gapirib qo‘ymasligi uchun shunday qilishgan ekan. O’sha kuni oqshomda rus tilida eshittirish olib boradigan G’arb radiostantsiyalarining ovozini o‘chirib, ularni bo‘g‘adigan stantsiyalar chuvvos soldi. Mamlakat bo‘ylab yana qama-qamalar, sirli suiqasdlar, qotilliklar ro‘y berdi, uylarga o‘t qo‘yildi. Bu galgi qurbonlar ham har xil tan olinmagan shoirlar, rassomlar, yangicha yo‘nalishdagi bastakorlarga o‘xshash mutlaqo begunoh odamlar edi. Andropov ularni mavjud tuzumning ashaddiy dushmanlari deb hisoblardi. Sudlar va tribunallar terga pishib mehnat qilib «aksilsho‘roviy tadqiqot uchun, aksilsho‘roviy adabiyotni saqlagani va tarqatgani uchun, sovet tuzumini zaiflashgirishga yo‘naltirilgan boshqa faoliyati uchun» bir qolipdagi «etti yil qamoq va besh yil badarg‘a» degan hukmni chiqara boshladi. Bunday hukm chiqarish uchun hamma narsa — yozib, e’lon qilinmay g‘aladonga tashlab qo‘yilgan she’r ham, Amerika jurnali, Soljenitsinning kitobi yoxud Saxarovning surati ham bahona bo‘lishi mumkin edi.

Millatni illatlardan tozalash bo‘yicha katta ish boshlanib ketdi.

Hafsala bilan vujudga keltirilgan ana shu sharoitda Andropov o‘z kuchini his qildi. Bu kuch butun mamlakat bo‘ylab kechalari bilan uxlamay Soljenitsin yoxud Avtorxanov asarlaridan nusxa ko‘chirib chiqargan talabadan tortib Markaziy Qo‘mitada o‘tirib O’zbekistondan pora oluvchi qo‘li uzun nomenklaturagacha birdek sezildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:16:43
Bir hamla bilan Galina Brejneva tevaragidagi barcha shubhali shaxslar qamoqqa olinadi. Ularning ko‘rsatmalari asosida javohirlar, yoqutlar va zumradlar kontrabandasi bo‘yicha juda katta ish qo‘zg‘aladi. Qamoqqa olinganlarning ko‘rsatmalarida Bosh kotibning qizi hamma jinoyatlarni uyushtirgan odam sifatida, uning eri, general-polkovnik Churbanov esa jinoyatchilar to‘dasining faol a’zosi va yirik poraxo‘r sifatida namoyon bo‘ladi. Izlar Ichki ishlar ministri muovini lavozimini egallab turgan Churbanovdan to‘ppa-to‘g‘ri Ichki ishlar ministri, armiya generali Shchelokovga va partiyaning bosh mafkurachisi Suslovga borib taqaldi. Ularning ortidan esa Bosh kotib siymosi ham ko‘zga tashlanib qoldi.

Operatsiya shu darajada tezkorlik bilan amalga oshirildiki, avvaliga hech kim «miq» etishga ham ulgurmadi. Andropovning muovini, Brejnevning bojasi, armiya generali Svigun hushi joyiga kelgach, tergovni barbod qilish uchun qattiq urina boshlaydi. Muhim guvohlardan ikkitasi g‘oyib bo‘lib qoladi, qamoqqa olinganlardan biri kamerada o‘zini osib qo‘yadi. KGB tergovchisi podpolkovnik Lyaxovni metro vagonining tagiga tashlashadi, portfelini o‘g‘irlab ketishadi. General Svigun Andropovning yoniga shunaqa bema’nigarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘yilgan edi-da! Ammo maynavozchilik tugadi. 1982 yilning 19 yanvar kuni armiya generali Svigunni xizmat xonadonlaridan birida boshidan o‘q yegan holda topishadi. Maxfiy hujjatlarni olib qo‘yish bahonasida Svigunning shaxsiy xonadonida tintuv o‘tkazadilar. Uning uyidan topilgan narsalar ko‘pni ko‘rgan KGB xodimlarini ham hang-mang qilib qo‘yadi. Xufiya joylardan oltita uch litrlik banka chiqadi — ularning hammasi duru javohirlarga to‘la edi. Ikki kishilik eski temir karavotning hamma g‘ovak joylari javohirlarga to‘ldirib tashlangan ekan. Oltin yombilarning o‘zi 35 kilogramm keladi. 100 dollarlik va undan yirikroq miqdordagi qog‘oz pullardan bir yarim million dollar!
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:17:41
«Sovet xalqi og‘ir judolikka uchradi, — deb yozgan edi «Pravda» gazetasi 1982 yil 22 yanvar kuni, — 1982 yil 19 yanvarda uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng KPSS Markaziy Qo‘mitasi a’zosi, Oliy Sovet deputati, Sotsialistik Mehnat Qahramoni, SSSR KGB raisining birinchi muovini, armiya generali Semyon Kuzmich Svigun vafot etdi. O’rtoq S. K. Svigun 40 yildan ortiqroq vatanimiz xavfsizligini ta’minlash sohasida ishladi... Partiya uni 1939 yilda davlat xavfsizligi organlariga ishga yuborgan edi. O’shandan buyon uning butun umri chekistning og‘ir mehnati bilan bog‘liq kechdi. S. K. Svigunning xotirasi barcha sovet xalqi qalbida hamisha saqlanib qoladi... Andropov, Gorbachyov, Ustinov, Chernenko, Aliev, Bugaev, Shchelokov va b.»

Ta’ziyanoma ostida Brejnev va Suslovning imzolari yo‘qligi hammaning ko‘ziga tashlandi. Shuningdek, Andropovning imzosidan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gorbachyovning imzosi turgani ham ko‘plarni hayron qoldirdi. Ustinov, Chernenko va Alievlardan oldin turibdi.

Svigun — Brejnevning bojasi. Ularning xotinlari — opa-singil. Vera Svigun tintuvdan keyin opasiga qo‘ng‘iroq qilishga urinadi, ammo harakati behuda ketadi. Svigunning halok bo‘lganini bilgan Suslov qo‘rquvdan es-hushini yo‘qotib qo‘yadi va Taman hamda Kantemir diviziyalarini oyoqqa turg‘izib, Moskvaga olib kirishni buyuradi. Bu to‘g‘rida u na Ustinovga, na Ogarkovga xabar beradi. Trevoga bilan oyoqqa turg‘azilgan diviziyalar Bosh shtabdan bu buyruqning tasdig‘ini olmoqchi bo‘lishadi.

Ular hech narsani bilmas ekanlar. Markazqo‘mga qo‘ng‘iroq qilishadi. Bundan ham foyda chiqmaydi. So‘ng Kremlga, o‘rtoq Suslovga qo‘ng‘iroq qilishadi. Suslovning qabulxonasidagilar «o‘rtoq Suslov o‘zining ish kabinetida, aftidan, telefonni uzib qo‘yib ishlayotgan bo‘lsa kerak», deb javob qilishdi. Kabinet ichidan qulflangan edi. Eshikni ochib qarashsa, partiyaning bosh mafkurachisi polda hushsiz cho‘zilib yotibdi. Yetib kelgan vrachlar darrov tashxis qo‘ydilar, qand kasalligining xuruji. Suslov surunkali qand kasalligiga mubtalo edi, vaqt-vaqti bilan Kremldagi mojarolarga bog‘liq ravishda bu kasal zo‘rayib turardi. Yevgeniy Chazov shaxsan Suslovga ukol qildi. Ertasi kuni Suslov hushiga kelmay vafot etdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:22:20
Moskvadagi G’arb muxbirlari sodir bo‘layotgan voqealarni turli yo‘sinda o‘zlaricha sharhlay boshladilar. Ular kun sayin hokimiyat uchun kurash keskinlashib borayotganini ko‘rib turishardi. Voqealar G’arbdagi eng zo‘r jangari filmlardagi kabi zo‘r sur’at bilan rivojlanib borardi. Ingliz tilini durustgina biladigan Andropovning sevimli kitoblari Forsaytning «Qashqar kuni», Martin Smitning «Gorkiy parki» va Robert Konkvistning «Katta qirg‘in» degan romanlari, sevimli gazetasi esa «Vashington post» bo‘lgani bejiz emas edi.

«Vashington post» gazetasining muxbiri Moskvadan xabar qiladi: «Kecha TASS Kremlning Bosh mafkurachisi, KPSS Markazqo‘mining kotibi Mixail Suslovning 79 yoshida vafot etganini e’lon qildi. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu so‘nggi bir necha kun davomida Kremlda qo‘qqisdan sodir bo‘lgan ikkinchi qazodir. 19 yanvar kuni Brejnevning bojasi, KGB raisining birinchi muovini general Semyon Svigunning xam vafot etgani e’lon qilingan edi. Moskvadagi xorijiy muxbirlar Svigunning o‘limini yashirin iqtisod rahnamolarining yalpi qamalishi bilan bog‘lamoqdalar. Sovet Ittifoqida bunday qamashlar davom etmoqda. Brejnevning qizi Galinaning yaqin do‘stlari — sirk xodimlari va artistlarining qamalgani haqida ma’lumotlar bor. Galinaning o‘zi esa so‘roq qilinibdi. Tashqi savdo ministrining muovini lavozimini egallab turgan Brejnevning o‘g‘li Yuriy esa bir necha kundan beri ishda ko‘rinayotgani yo‘q. Aka-singil yashirin iqtisodiy mafiyaning faoliyatiga yaqindan aloqador va KGB generali Svigun o‘zining mansabi hamda obro‘yi bilan ularga homiylik qilgan degan taxminlar bor. Moskvada Svigun bu mavzuda Mixail Suslov bilan ochiqchasiga gaplashib olgandan keyin o‘z joniga qasd qildi degan mish-mishlar yuribdi. Uning qilgan ishi Suslovni va Brejnevning o‘zini ham g‘azablantirib yubordi. Bu mish-mishlar bevosita shu fakt bilan tasdiqlanadiki, Svigunga berilgan ta’ziyanoma ostida na Brejnev, na Suslov imzo chekkan. Holbuki, Svigun KPSS Markazqo‘mi a’zosi va Brejnevning yaqin qarindoshi edi. Bundan tashqari, KGB raisining birinchi muovini va hukumat a’zosi Svigunning jasadi rasmiy hukumat qabristoniga ko‘milmadi. Bu ishlarning barini Suslov fosh qilganmidi yoxud uning o‘zi bu ishlarda ishtirok etganmidi — har holda nima bo‘lganda ham u uzoq yashayolmas edi. Nafaqat Suslov, Oliy sovet rahbariyatining pora bilan zaharlangan botqog‘ida keskin harakat qilishga intilgan boshqa har qanday odam ham uzoq yashayolmasdi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:26:36
Andropov KGB doiralariga ortiq sig‘may qolgan edi. U idorasini hech kimga ma’lum bo‘lmagan general Fedorchukka topshirib, KPSS Markazqo‘mi Kotibiyatiga — marhum Suslovning o‘rniga o‘tadi. Siyosiy byuro ari uyasiday to‘polon bo‘lib ketadi. Andropov o‘z hamkasblari Mazurov va Kirilenkoni huzuriga chaqirib, ularning sermashaqqat faoliyatlariga doir ba’zi hujjatlarni ko‘rsatadi va bundan keyingi hayotlari to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishni taklif etdi. Ortiq shikoyat qiladigan odam yo‘q. Qizi, o‘g‘li, ukasi bilan bo‘lgan mojarolardan va bojasining halokatidan keyin Brejnev hech kim bilan gaplashishni istamayapti. Uning sog‘lig‘i birdan yomonlasha boshladi.

Mazurov indamay iste’foga chiqadi. Kirilenko ahvolning jiddiyligini anglamagani sababli, Siyosiy byuroning navbatdagi majlisiga keladi. Soqchilar uni dag‘allik bilan to‘xtatib, Kremlga kirish ruxsatnomasini olib qo‘yishadi va unga Andropovning buyrug‘ini aytishadi — Kirilenko chorbog‘iga borib, o‘sha yerda maxsus farmoyishlar bo‘lishini kutib o‘tirishi kerak. Andropov bilan Gorbachyov kechasiyu kunduzi tinim bilmay ishlashadi. Ular Kulakov va Masherovning halokati bilan barbod bo‘lgan rejani yana amalga oshirish harakatiga tushadilar. Biroq bu gal endi — Andropov Siyosiy byuroda xo‘jayin. Eski maydon xavotir ichida sukutga cho‘madi. Afsonaviy nomenklatura mulkini Stalin vafot etgan zamonlardan beri ko‘rilmagan mudhish keskinlik chulg‘aydi. Nomenklatura dohiylari qarib, munkillab qolgan, oliy hokimiyat cho‘qqilarini bosib olayotgan «davlat xavfsizligidan chiqqan muttaham»ga ortiq qarshilik ko‘rsatolmaydi. Bemalol ishlaydigan zamonlar yetib keldi. Gaydar Aliev Bokudan Moskvaga o‘tkaziladi. Uning Ozarboyjondagi ot-otlari va nomenklaturachilarga ayamay bergan qamoq muddatlari hammaning esida. Endilikda Ozarboyjonda sinovdan o‘tgan ish usullarini u butunittifoq ko‘lamida qo‘llab ko‘radi.

Navbatdagi zarba, nihoyat, Medunovga beriladi. Uni Moskvaga go‘yo Markazqo‘m majlisiga chaqirishadi. Andropov unga Krasnodar o‘lka qo‘mitasining birinchi kotibi vazifasidan ozod etilganini aytadi. Krasnodarda Medunovning uyida yangi partiya rahbari ko‘chib kelishi munosabati bilan remont qilinadi degan bahonada tintuv o‘tkaziladi. To‘rtta konteynerda musodara qilingan buyumlarni Moskvaga olib kelishadi. Faqat Brejnevning shaxsan aralashuvigina Medunovni qutqarib qoladi. U bir amallab Meva-sabzavot sanoati ministri lavozimiga ilinib qoladi. Ammo u kelajagi barbod bo‘lganini, umridan sanoqli kunlar qolganini yaxshi tushunadi... Moskvada kutilmaganda Baliq sanoati ministri Ishkov va uning muovini Rikov qamoqqa olinadi. Tintuv vaqtida har birining uyidan 6 million so‘mdan ortiq sovet puli va million dollardan ortiq valyuta chiqadi.

Nomenklatura ustiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum davom etmoqda edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:27:47
Dahshatga tushgan nomenklaturachilar Brejnevga iltijo qilishadi. Axir, Bosh kotib hali hayot-ku! Axir, u 16 yil mobaynida ularning rahnamosi va valine’mati bo‘lmaganmidi? Nima bo‘layapti o‘zi?

Nima bo‘layotganini Brejnevning o‘zi ham tushuna olmaydi. Andropov tavoze va ehtirom bilan hafta sayin Bosh kotibning stoliga biri-biridan qiziq ma’lumotlarni qo‘yib turadi.

«...Operatsiya davomida «yashirin iqtisodiyot» korchalonlari bilan KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi o‘rtoq L. I. Brejnevning oila a’zolari o‘rtasida turli-tuman aloqalar borligi fosh bo‘ldi. Juda ehtiyot bo‘lib qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtoq L. I. Brejnevning oila a’zolari faqat so‘nggi uch yil mobaynidagina to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul bilan va har xil qimmatbaho toshlar, mo‘yna, noyob antiqa buyumlar, muzeylardan o‘marilgan nodir buyumlardan sovg‘a tarzida umumiy miqdori quyidagicha pora olganlar:

Galina Leonidovna Brejneva-Churbanova — 3,1 million so‘m va 600 ming dollar.
Yuriy Leonidovich Brejnev — 3,4 million so‘m va 450 ming dollar.
Yakov Ilich Brejnev —1,4 million so‘m va 500 ming dollar.
Semyon Kuzmich Svigun — 4,2 million so‘m va 1,5 million dollar.

L. I. Brejnev oilasiga mansub mazkur shaxslar jinoiy faoliyatga jalb qilinganlaridan keyin har xil vazirliklar va mansabdor shaxslar qarshisida yashirin iqtisodiyot korchalonlariga homiylik qilib, ularning davlat fondidan xom ashyo, uskuna va mashinalar olishini ta’minlaganlar. Shuningdek, jinoyatkor unsurlarning oliy partiya va davlat mansablarini egallashlariga ko‘maklashganlar...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:29:19
Bunday ma’lumotlarni o‘qigach, Brejnev ancha vaqtgacha indamay qolar, keyin Andropovdan Afg‘onistondagi urush qachon tamom bo‘lishini so‘rardi. Bu urush, axir, uch yildan beri davom etyapti, g‘alabadan esa hamon darak yo‘q. Axir Andropov bu urushni bir oy mobaynida tugatishga va’da bergan edi-ku!

«Buning uchun avval mamlakat ichkarisida tartib o‘rnatish kerak», — deb javob beradi Andropov.

Albatta, Andropov keltirib turgan ma’lumotlarni o‘qish Brejnev uchun oson ko‘chmas edi — xasta qariya so‘nggi kuchlari ham tugab borayotganini his qilardi. Ammo Andropovga ham oson tutib bo‘lmasdi — unga kelayotgan ma’lumotlar ham odamni xursand qiladigan xushxabarlar emasdi. Nima deganda ham, Yuriy Vladimirovich 68 yoshga kirdi. U o‘qishga majbur bo‘lgan ma’lumotlar partiya va davlat rahbarlarining o‘g‘risifat oila a’zolarini fosh etuvchi ma’lumotlardan battarroq edi.

Varshava shartnomasi barbod bo‘lyapti. Polshadagi «Solidarnost» Sharqiy blokning hamma mamlakatlarini rasvo qilib bo‘ldi. Polshada harbiy holat joriy qilinib, davlat tepasiga general Yaruzelskiy boshchiligidagi harbiylar kelgandan keyin, armiyada g‘alati voqealar sodir bo‘la boshladi. Afg‘onistonda uch yildan beri yovvoyi tog‘liklarni yenga olmay qoniga belanib yotgan buyuk davlat armiyasining marshallari Polsha misolida qiyinchiliklarni bartaraf etish imkonini ko‘rganday bo‘lishdi. Buning uchun Varshava shartnomasi mamlakatlarining hammasida, jumladan, SSSRda ham harbiy holat joriy qilish kerak. Materiallar muntazam ravishda to‘planib turibdi, haddan tashqari ehtiyot bo‘lish kerak.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:30:44
Armiya bilan hazillashib bo‘lmaydi, lekin uni taltaytirib ham yubormaslik zarur. KGBning Andropovga bo‘ysunadigan Maxsus bo‘limlari sarkardalarning har bir harakati va fikrlarini qattiq kuzatib turibdi. Jinday shubha tug‘iladigan bo‘lsa, ular bilan pachakilashib o‘tirilmaydi. «To‘satdan vafot etdi», vassalom.

(Armiya butun sotsialistik lager bo‘ylab harbiy to‘ntarish yasashga tayyorlanayotgani to‘g‘risida guvohlik beruvchi anchagina dalillar bor. Bu yomon bo‘larmidi, yo‘qmi — ma’lum emas, chunki boshqa mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, totalitarizmdan demokratiya sari faqat muvaqqat harbiy diktatura orqali o‘tib boriladi. Fitna o‘ngidan kelmadi — KGB hushyorlik qilib qoldi. Bu Andropov vafot etishi bilanoq sodir bo‘ldi. Bu o‘rinda tafsilotlarni keltirib o‘tirish joiz emas. Faqat rasmiy ma’lumotlarni keltirish bilan cheklanamiz:

«1984 yil 2 dekabrida GBSP Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi, GDR milliy mudofaa ministri, armiya generali Gofman to‘satdan yuragi to‘xtab qolib vafot etdi».

«15 dekabrda VSIP Markazqo‘mining a’zosi, VXR mudofaa ministri armiya generali Olax 59 yoshida yuragi to‘xtab qolib, to‘satdan vafot etdi».

«16 dekabrda 66 yoshida ChSSR milliy mudofaa ministri, ChKP Markazqo‘mi a’zosi, armiya generali Dzur yuragi to‘xtab qolish oqibatida to‘satdan vafot etdi».

«20 dekabrda KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi, SSSR Mudofaa ministri, Sovet Ittifoqi Marshali Ustinov vafot etdi».

Mudofaa ministrlariga qiron kelganmi, nima balo? G’alati-a, shunday emasmi?)


Hozir nechundur marshal Ustinovning choparlari va yugurdaklari Polsha, Vengriya, GDR va hatto Mo‘g‘uliston bo‘ylab g‘imirlab qolishdi. Har ehtimolga qarshi do‘stona armiyalar harakatini bir-biriga muvofiqlashtirishyapti. Lekin boshqa ma’lumotlar ham bor.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:32:51
Brejnev G’arbda yahudiylar muhojirligi va xoin-dissidentlarga jazoni yumshatish evaziga bir amallab to‘plagan qarzlarni berish to‘xtab qoldi. To‘xtasa to‘xtasin, biz ham boshqa hech kimni chiqarmaymiz, birov g‘ing desa darrov turmaga tiqamiz. Agar birortasini turmaga tiqib bo‘lmasa, mamlakatdan haydab yuboramiz va fuqarolikdan mahrum qilamiz. Ulug‘ mashshoq, dunyoning birinchi violenchelisti Mstislav Rastropovich bilan uning xotini, atoqli opera xonandasi Galina Vishnevskayani sovet fuqaroligidan mahrum etishganlarini eshitib, butun dunyo angrayib qoldi. AQSh prezidentining o‘zi ularni aerodromda kutib oldi va bunday fuqarolarga ega bo‘lish Amerika uchun buyuk sharaf, dedi. Sovet Ittifoqida esa almashtirib bo‘lmaydigan odamlar yo‘q. Rahmatli Iosif Vissarionovich shunaqa deyishni yaxshi ko‘rar edi. G’arbda esa hamma jazavaga tushgan, aksilkommunizm va aksilsho‘roviylik avjida edi. G’arbiy Ovrupo kompartiyalari allaqanday «ovrukommunizm» degan narsani o‘ylab chiqarishdi, shu bilan ular bir oz bo‘lsa-da, o‘zlarini Moskvadan va uning jinoyatlaridan nariroq olishganday bo‘lishdi.

65 yil mobaynida ularni kim boqib kelganini va hozir kim boqayotganini unutishgan ko‘rinadi. Qaysi pulga boqishgan? Hatto Andropov ham, KGB raisi bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatning oltin zaxirasi qancha ekanini va bir yilda qancha oltin chiqarilishini aniq bilolmadi. «Mutlaqo maxfiy» degan yozuv ostida oltita idora mutlaqo bir-biriga o‘xshamagan ma’lumot berishardi. Ma’lumotlarda, bir mingdan o‘n ming tonnagacha raqamlar tilga olinardi. Hech kim har yili nimaga va qancha oltin sarflanishini aniq aytib berolmasdi. Davlat banki va Tashqi iqtisodiyot bankining ma’lumotlari g‘oyatda mavhum edi. Markazqo‘mning Xalqaro bo‘limi va Ishlar boshqarmasi yig‘ma ma’lumotlarning yo‘qligini ro‘kach qilishadi, Oliy Sovetning moliya komissiyasi qo‘rquvdan ko‘zini pirpiratar, Moliya ministrligi esa o‘z manbalariga tayanib turib, mamlakatning oltin zaxirasi 2100 tonna deb ma’lumot berdi. Shunday deganda yuzi qizarmadi ham. Qolgan oltinni faqat tintuvlar yordamida topish mumkinligi ayon ko‘rinib turardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:33:29
Qimmatbaho toshlar borasidagi ahvol ham bundan yaxshi emasdi. Yoqutiston Ministrlar Soveti Raisining muovini Stepan Platonov shaxsan tashabbus ko‘rsatib, Andropovga olmos ishlab chiqaruvchi sanoatdagi ahvolni, har yili qancha ishlov berilmagan olmos topilishini va ular sirli ravishda qayoqqa g‘oyib bo‘lishini aytib bermoqchi bo‘lgan. Ikki kundan keyin u ovda otib o‘ldiriladi. Bu qotillikni Yoqutiston shahar partiya qo‘mitasining kotibi Solomov bo‘yniga oladi. Sud Solomovni ruhan xasta deb tan oladi va «jinnixona»ga jo‘natadi. Ikki oydan keyin u jinnixonadan chiqadi va Magadan viloyat partiya qo‘mitasiga bo‘lim boshlig‘i qilib jo‘natiladi. KGB o‘z yo‘li bilan taftish o‘tkazadi va aniqlaydiki, Platonovni KPSS Markaziy Qo‘mitasining mas’ul xodimi otib o‘ldirgan ekan. Ovni mahalliy partiyaviy rahbarlar shu mas’ul xodimning sharafiga uyushtirgan ekanlar. Yo‘l-yo‘lakay yana shu narsa aniqlandi-ki, Platonov ovga bormoqchi emas ekan, ammo uni KPSS Yoqutiston oblast qo‘mitasining birinchi kotibi Chiryaevning buyrug‘i bilan ovga olib ketishgan. KPSS Markaziy Komitetining mas’ul xodimi bamaylixotir Moskvaga qaytib keldi. Andropovning qo‘lidan kelgani shu bo‘ldiki, u «Yoqutolmos» ishlab-chiqarish ilmiy birlashmasining hamma soqchilarini almashtirdi va ularning direktori qilib general Vasilevni tayinladi. Andropov generalga shaxsan ishonardi. Olmos ishlab chiqaruvchi sanoat ob’ektlarini qo‘riqlash bo‘yicha maxsus militsiya boshqarmasi siyosiy ishlar bo‘yicha muovinining xizmat kabinetida, 1981 yil 21 yanvar kuni general Vasilev Makarov to‘pponchasidan otib o‘ldirildi. Uni siyosiy ishlar bo‘yicha muovin, polkovnik Seluykoning o‘zi otgan edi. Seluyko Vasilev o‘zini o‘zi otdi deb da’vo qildi. Vasilevning kabinetida tintuv o‘tkazdilar va u Moskvaga jo‘natish uchun tayyorlab qo‘ygan olmoslarni o‘g‘irlash haqidagi maxfiy materiallarni olib ketishdi. Shundan keyin yana bir qator qotilliklar, o‘z-o‘zini o‘ldirishlar, baland qavatlardan sirli yiqilishlar sodir bo‘ldi, ammo Andropov, baribir, olmoslarning qayoqqa g‘oyib bo‘lishini bilolmadi. «Tintuvlarda topamiz», — deya u o‘z tobeinlariga taskin berardi.

E-e, olmosni gapirasiz-a! Million-million tonna neft allaqayoqqa g‘oyib bo‘lardi va uning izini topishning iloji yo‘q edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:34:22
Ammo mutlaqo aniq raqamlar ham bor edi: ular mamlakatda mehnat samaradorligi juda tez sur’atlar bilan pasayib ketayotganini, pulning qadri tez tushib borayotganini ko‘rsatardi. Yil sayin sodir bo‘layotgan hosilsizlik borgan sari tahdidli ko‘lamlarga kirib bormoqda edi, ammo hozircha, hech kim Gorbachyovning mushugini pisht demasdi. Qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishga uning vaqti yo‘q, uning boshqa zarurroq ishlari bor.

Kremldagi nifoq hal qiluvchi bosqichga ko‘tariladi. Andropovni Oliy hokimiyatdan ajratib turgan eng so‘nggi to‘siqni — Brejnevning o‘zini yo‘qotish kerak.

Andropov bilan Gorbachyov Siyosiy byuroning navbatdan tashqari majlisini chaqirib, unda «Brejnev shaxsiga sig‘inishning mamlakat uchun salbiy oqibatlari to‘g‘risida» degan masalani kun tartibiga qo‘ymoqchi bo‘ladilar. Bu masalada Andropovning o‘zi doklad qilishi, Gorbachyov muzokarada uni qo‘llab chiqishi kerak edi. Keksa, xasta Bosh kotib bo‘yniga Afgonistonni ham, polyaklarning «Solidarnost»ini ham, SSSR mavqeining Yaqin Sharqda zaiflashib qolganini ham, jahonda kommunistik harakatning xarob bo‘lganini ham, ichki ishlarda «yahudiy, arman va nemis muhojirligiga ijozat berishda ifodalangan» liberalizmni ham (bu esa «ittifoqdosh respublikalarda millatchilik kayfiyatlarini uyg‘otishga va SSSRdan chiqish tamoyillarini kuchaytirishga olib kelgan»), poraxo‘rlikni ham, shuningdek, «mehnatkashlarni mafkuraviy tarbiyalashning susayganini, ularning kommunizm g‘oyalariga ishonchi deyarli tag-tugi bilan mahv etilganini va mavjud tuzumga yoppasiga tanqidiy munosabat kuchayganini» yuklash mo‘ljallangan edi. Shundan kelib chiqib, izzat-ikromini o‘rniga qo‘ygan holda Brejnevni nafaqaga jo‘natish va mamlakatni yangi yo‘nalishga solib yuborish ko‘zda tutilgandi, Siyosiy byuro quyidagi uzoq muddatga mo‘ljallangan davlat siyosatini tasdiqlashi kerak edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:35:22
«Tashqi siyosat sohasida:
1. Afg‘onistondagi urushni to‘la harbiy g‘alaba bilan yakunlash.
2. Polyaklarning «Solidarnost»ini butkul va uzil-kesil yo‘q qilish.
3. Polsha va Afg‘oniston misolida ko‘rinib turibdi-ki, Sovet Ittifoqining xatti-harakatlariga qarshi turishda G’arb mamlakatlari sustkashlik qilmoqdalar. Shundan kelib chiqadigan ustunliklardan to‘la foydalanish kerak. Butun dunyodagi xalq ozodlik harakatlariga, Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi va Afrikadagi kommunistik hamda aksilimperialistik kuchlarga imkoni boricha to‘la darajada harbiy yordam ko‘rsatish darkor. Afg‘onistonni uzil-kesil sovetlashtirishdan keyin ikki yil mobaynida butun O’rta Sharq mintaqasi ustidan nazorat o‘rnatishni ta’minlash lozim. Bunga Fors qo‘ltig‘ining neft zaxiralari ustidan o‘rnatiladigan nazorat ham kiradi.
4. AQSh va NATO mamlakatlari o‘rtasida vujudga keladigan kelishmovchiliklar beradigan hamma ustunliklardan foydalanish kerak. Bu mamlakatlar o‘rtasiga nifoq solish va kapitalistik dunyoda AQShni butunlay yakkalatib qo‘yishga erishish zarur.

Ichki siyosat sohasida:
1. Dissidentlik harakatini, diniy mazhablar va diniy jamoalarni ayamay bostirish.
2.  Muhojirlikning hamma shakllarini to‘xtatish.
3. Ishga yaroqli barcha aholini to‘la hisobga olish va ishchi hamda xizmatchilarni ularning korxonalari, kolxoz va sovxozlariga doimiy birkitib qo‘yish. Bu iqtisodiy ahvolni keskin darajada yaxshilashga imkon beradi va oziq-ovqat mahsulotlarini sanoat taqsimlagichlari tarmog‘i orqali faqat mehnatkash aholi o‘rtasida taqsimlashni kafolatlaydi.
4. «Yashirin iqtisodiyot»ni va aksilsho‘roviy hamda kapitalistik kayfiyatlarning boshqa ko‘rinishlarini butkul mahv etish. Bu maqsadda bir qator namunali sud jarayonlarini o‘tkazib, ularda o‘lim jazosini chiqarish va hukmni elu yurtning ko‘z o‘ngida ijro etish kerak.
5. Yangi ichki va tashqi siyosatning vazifalari munosabati bilan sovet armiyasining sonini ko‘paytirish ko‘zda tutilsin. Bunga muddatli xizmat davrini quruqlikdagi qo‘shinlarda ikki yildan besh yilgacha, harbiy-dengiz flotida uch yildan yetti yilgacha ko‘paytirish yo‘li bilan erishilsin...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:36:54
Bu loyiha bilan tanishib chiqqan Gorbachyov Andropovga qo‘rqa-pisa fikrini aytdi: bunday olamshumul niyatlarni amalga oshirish uchun AQShdan kattaroq qarz olinsa yaxshi bo‘lardi. Aks holda loyihani ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi. Pul yo‘q.

Andropov jilmaydi: «Pul topamiz. Eng muhimi, qo‘qqisdan harakat qilish, belgilangan rejaning hammasini qat’iyat bilan, izchil va ayovsiz amalga oshirish kerak».

«Albatta, — deb uning gapiga qo‘shiladi Gorbachyov. — Muhimi boshlab olish, keyin jarayon yurishib ketadi. Ammo loyihani hali ishlash, ekspertlarga ko‘rsatish zarur. Xullas, shoshish yaramaydi. Menimcha, hozirgi Siyosiy byuro uni tasdiqlamasa kerak».

«Brejnevmi? - deydi Andropov. - Albatta, bu loyiha Brejnev uchun emas».

Kutib turishga qaror qilishdi.

Bir haftadan keyin bu loyiha Amerika matbuotida bosilib chiqdi.

Katta janjal ko‘tarildi.

Materiallarning bosib chiqarilishini Markaziy Razvedka Boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan razil soxtakorlik deb e’lon qildilar. MRB aksilsho‘roviy jazavaning yangi to‘lqinini tug‘dirish uchun shunday qilganmish.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:38:44
Loyiha mashinkada to‘rt nusxada bosilgan edi. Uning to‘rttala nusxasi ham Andropovning o‘zida saqlanardi. Loyiha bilan u to‘rt kishini tanishtirib ulgurdi. Ulardan qaysi biri loyihani g‘arbga oshirib yubordiykin? Mashinkada loyihani bosgan kotibi fransuz razvedkasining josusi ekanini Andropov bilganda bormi?

Brejnev hali tirik. Brejnev Andropovni huzuriga chaqirib: «Bu nimasi?» — deb so‘radi.

Andropov imperialistik matbuotda paydo bo‘luvchi hamma yolg‘on-yashiqlar uchun mas’uliyatni ololmayman, deb javob berdi.

«Mening o‘lishim mumkin emas, — dedi kutilmaganda qat’iy ohangda Brejnev. — Mening vafotimdan keyin bironta odam shunaqa bema’ni rejalarni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, qanday o‘lasan? Ular butun mamlakatni uzil-kesil halok qiladilar».

Andropov indamadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:39:18
Brejnev esa jon taslim qilish u yoqda tursin, aksincha, o‘zini ancha bardam his qila boshladi. U o‘zini shu darajada bardam his qildiki, hatto, Toshkentga do‘sti Rashidovning huzuriga borib kelmoqchi bo‘lib qoldi. Qariyani ahdidan qaytarishga harakat qilishdi, ammo u so‘zida qat’iy turib oldi. Albatta, bu shunchaki bir injiqlik emas edi, ammo Brejnevning ko‘zlagan maqsadi noma’lumligicha qoldi. Sharof Rashidov o‘zining do‘sti, himoyachisi va valine’matini juda katta dabdaba bilan kutib oldi. Brejnev xalq bilan gaplashmoqchi edi. Aviatsiya zavodining bahaybat sexida «faollar»ning mitingi bo‘ldi. O’rtadagi minbarga Brejnev general Jarovning yordami bilan bir amallab ko‘tarildi. Brejnev nutqini odatdagicha chaynala-chaynala boshlaganida sexda siqiq havo quvuri yorilib ketdi. Quloqlarni qomatga keltirgan gumburlash eshitildi, keyin chiyillagan hushtak ovozi yangradi. Bu shovqin-suronni portlash deb o‘ylashdi. «Faollar» va soqchilar qo‘rquvdan hushlarini yo‘qotib, sex bo‘ylab yugura boshladilar. Xos soqchilardan biri kuch bilan Brejnevni polga yiqitib, uni pana qilib, ustiga yotib oldi. Bu voqea Brejnevni sarosima qilib qo‘ydi, xos soqchilarning harakatidan u qattiq aziyat chekdi. Bularning bari navbatdagi insultga sabab bo‘ldi. Kasalxonaga olib kelishganda, Bosh kotib klinik o‘lim holatida edi. Ko‘p yillar davomida xasta dohiydan bir qadam ham jilmagan reanimatsiya guruhi bu gal ham uning joniga oro kirdi. Brejnev tirik qoldi, ammo uning na tili bor edi, na harakat qila olardi. Lekin uning sira o‘lgisi yo‘q edi. U yana tuzala boshladi va hatto 1982 yilning 7 noyabr kuni Mavzoley minbarida oxirigacha turib berdi.

Ikki kundan keyin partiya va davlat boshlig‘i bir to‘da mashinalar hamrohligida Kremlning Bronevitskiy darvozasidan chiqdi. Mashinalar Moskva yaqinidagi Jukovka qishlog‘i tomon yo‘l olgandi. Bu yerda hukumat chorbog‘lari joylashgan edi. Mashinalar to‘pining boshida har doimgidek, signallarini vang qo‘yib, chiroqlarini yalt-yult qilib GAIning maxsus mashinalari borardi. Ularning orqasidan soqchilar tushgan qora mashinalar va Brejnevning mashinasi. Keyin yana soqchilar tushgan ikki mashina ortidan sadoqatli reanimatsiya brigadasi. So‘nggi olti yil ichida bu brigada necha martalab Brejnevning jonini asrab qoldi. Mashinalar shahar ichidan ketib borar ekan, reanimatorlar mashinasidagi bir g‘ildirakning dami chiqib ketdi. Tezlik katta bo‘lgani uchun mashina bir tomonga og‘ib, bir imoratga borib urilishiga sal qoldi. Qo‘llanmaga ko‘ra ketayotgan mashinalarning hammasi to‘xtashi kerak edi. Lekin negadir bunday bo‘lmadi. Tezlikni kamaytirmasdan hamma mashinalar tezroq Moskvani tark etishga oshiqishdi. Birdan Brejnevning ko‘ngli aynib, qayt qila boshladi. Mashinaga chiqishdan avval u bir stakan sut bilan bitta kulcha non yeb olgan edi. Bosh kotib sutning allanechuk g‘alati ta’mi borligidan zorlanibdi. Chernenko buni eshitibdi. Ammo ovqat masalasida Brejnevning injiqligi ma’lum edi, shuning uchun hech kim bunga e’tibor qilmadi. Brejnevning ahvoli borgan sari yomonlasha boshladi. Mashinalar to‘xtadi. Ma’lum bo‘ldiki, reanimatorlarning mashinasi yo‘q. Ularning mashinasi avariyaga uchragani to‘g‘risida loaqal radiotelefon orqali ham xabar qilishmabdi. Bosh kotibning mashinasida birga kelayotgan navbatchi vrachning yonida tez yordam chemodanchasidan boshqa narsa yo‘q ekan. Aytishlaricha, vrach qo‘lidan kelgan hamma narsani qilibdi. Chorboqqa olib kelishganda Brejnev olamdan o‘tgan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:42:26
KPSS Markazqo‘mining yangi Bosh kotibi qilib bir ovozdan Andropovni saylashdi. Mamlakat bo‘ylab bir zumda bu saylovlar qanday o‘tgani haqida latifa tarqaldi:

«O’rtoqlar! O’rtoq Andropovni Bosh kotib qilib saylashga rozilar devor yonidan uzoqlashib, qo‘llarini yonlariga tushirib, yuzlarini bizga qaratishlari mumkin!»

Andropovning birinchi oshkora farmoyishi «Fuqarolarga mo‘ynali hayvonlarni saqlash va urchitishni man etish haqidagi» farmon bo‘lgan edi. Farmon suxsur va boshqa mo‘ynali hayvonlarga doir edi (mo‘yna ham partiyaning oltini-da!), ammo u shunday tuzilgan ediki, unga qarab mushuklar ham mo‘ynali hayvonlar qatoriga kiradimi-yo‘qmi — bilib bo‘lmas edi.

Bepoyon mamlakatning shaharlari va qishloqlari bo‘ylab esa allaqachon jiddiy farmoyishlar tarqala boshlagandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:43:18
«Avvallari KGB nazorati ostida bo‘lgan hamma shaxslar quyidagi faoliyatlari uchun qamoqqa olinsin:
1.  Yozma, og‘zaki va boshqa shakllardagi aksilsho‘roviy targ‘iboti va tashviqoti uchun.
2. Aksilsho‘roviy mazmunga ega bo‘lgan matbaa nashrlarini, videomateriallarni, ko‘rgazmali tashviqot buyumlarini va sovet davlat hamda ijtimoiy tuzumini zaiflashtirishga yo‘naltirilgan boshqa har qanday materiallarni saqlagani va tarqatgani uchun.
3.  Sovet davlat va ijtimoiy tuzumini qoralovchi har qanday tuhmat va bo‘htonlar tarqatgani uchun.
4. Maxsus belgilab qo‘yilgan joylardan tashqarida diniy targ‘ibot olib borgani uchun. Bunda, ayniqsa, baptistlar, adventistlar va krishnaitlarga alohida e’tibor qaratilsin.
5. Valyuta operatsiyalari va antiqa buyumlar kontrabandasi uchun...»

Ishlar qizib ketdi. Qurolli patrullar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘cha-ko‘ylarda yo‘lovchilarni to‘xtatib, tekshira boshladilar, ular hammomlar va sartaroshxonalarga bostirib kirishdi, pivoxonalarni qurshab olib, u yerdagi odamlardan nima uchun ishda emasliklarini surishtira boshladilar. Mehnat intizomini shu yo‘l bilan mustahkamlashga kirishdilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:44:07
Afg‘on urushining gulxani yangidan-yangi diviziyalarni yamlashda davom etardi. Afg‘on partizanlari urushni Birinchi jahon urushi davridan qolgan eski ingliz miltiqlari bilan boshlagan edi. Endilikda ularning ixtiyorida og‘ir artilleriya, yirik kalibrli pulemyotlar paydo bo‘ldi. Har bir afg‘on partizanining qo‘lida Kalashnikov avtomati bor edi. Hamma qurollar sovet sanoati tomonidan ishlab chiqarilgandi. Bunaqa ko‘p miqdordagi qurol-aslahani janglarda o‘lja olish mumkin emasdi. Uni faqat sotib olish mumkin edi. Xo‘p, kimdan sotib oladi? Izlar SSSRning Kobuldagi elchixonasiga olib keldi. Elchixonaning birinchi kotibi, avvallari Tojikistonda Adliya ministri bo‘lgan Rajabov va ikkinchi kotib Saidov badavlat afgon savdogarlari bilan til biriktirib, ulardan shunaqa ko‘p miqdorda oltin olishganki, bu oltinga Afg‘onistonda harakat qilgan 40-armiyaning hamma qurol-aslahasini sotib olish mumkin edi. Ish juda keng ko‘lamda olib borilardi — unga 40-armiyaning ta’minot bilan shug‘ullanuvchi juda ko‘p xodimlari jalb qilingan edi. Qurol-aslaha to‘g‘ridan-to‘g‘ri omborlardan kelardi. Askarlar har bitta o‘qni ayab eslari ketardi, holbuki, bu o‘qlar millionlab miqdorda dushmanga sotilardi. Bu ishga partizanlarning xorijdagi homiylari ham aralashdi. Saudiya Arabistonidan Saidovning adresiga 13 kilogramm oltin keldi. Saud savdogarlari oshkora harakat qilib o‘rganib qolishgan. Oltinni tasodifan Sheremetevo aeroportidagi bojxona xodimlari topib olishadi. Rajabov bilan Saidov qo‘lga olinadi, otib tashlanadi. Ammo ularning ishi Afgon urushining oxirigacha ham yashashda davom etadi.

Sokin ukrain qishlog‘ida istiqomat qiluvchi cholu kampirga Afg‘oniston chegarasidagi zastavada boshliq bo‘lib ishlovchi o‘g‘lidan g‘alaba sovg‘asi keladi. Uning bahosi 15 so‘m deb belgilangan edi, ammo ochib qarashsa, ichidan 40 ming so‘m pul chiqadi. O’tkazilgan taftish kishini lol qoldiruvchi natijalar beradi: hamma zastavalar kontrabandachilardan sovet pulida va valyutada katta pora olar ekan, buning evaziga chegaraning ikki tomoniga ham tuyalar karvonini va yuk mashinalar kolonnasini bemalol o‘tkazib yuboraverar ekanlar. O’tkazib yuborishgina emas, qorong‘i bo‘lsa, projektorlar yoqib, yo‘llarini yoritib ham turishar ekan. Bu mashinalarda qanday yuklar bo‘lgan? Tuyalar qanday yuklar og‘irligidan mayishib, oyoqlari chalishib harakat qilgan? Qamoqqa olingan chegarachilar bu savollarga javob berisholmadi. Ular bilishmas edi. Karvonlar bilan bu yoqdan u yoqqa va u yoqdan bu yoqqa har gal dollar to‘lab qanaqa odamlar o‘tgan? Buni ham bilishmasdi. Axir, ular haqini dollar bilan berishgan-da! So‘rash noqulay bo‘lgan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:45:20
Moskvada Davlat import-kommertsiya boshqarmasining boshliqlari qo‘lga tushdi. Pavlov bilan Smelyakov ham keng ko‘lamda ish olib borishgan ekan. Xorijiy firmalarning vakillari bilan shartnoma tuzganda, ular har bir shartnomaning umumiy miqdoridan bir foiz cho‘tal olishgan. Xorijiylar bajonidil to‘lashgan, chunki buning evaziga o‘zlari uchun haddan tashqari foydali va SSSR uchun o‘ta befoyda shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘lishgan. Alohida haq evaziga ikkala rahbar xorijiylarni «Chegarada ortiqcha tekshirmaslik haqida»gi litsenziyalar bilan ta’minlab turishgan. Bunday litsenziyalar faqat KPSS Markazqo‘mi jo‘natayotgan va olayotgan yuklargagina berilardi. (Bu tashkilotning nomiga har kuni butun dunyodan, asosan, chet el ashyolari bilan to‘lib-toshgan konteynerlar kelib turar va ularga davlat mulki solib qaytarib yuborilardi. Chegarachilar va bojxona xodimlarining bu konteynerlarga qo‘l tekkizishga ham haqlari yo‘q edi.) Ma’lum bo‘ldiki, bunaqa litsenziyalarni Markazqo‘m apparati xodimlaridan valyutaga xarid qilish uncha qiyin emas ekan. Bitta litsenziya 1000 dollar turar ekan. Qiziq-a! Ajnabiylar bu litsenziyalarni dasta-dastalab sotib olishar va istagan buyumlarini SSSRga olib kirish yo undan olib chiqib ketish imkoniga ega bo‘lardilar. Bunday litsenziyalar yordamida, hatto, o‘zlarining misi chiqib qolgan josuslarini ham olib chiqib ketishgan. Pavlovning uyini tintishganda, sovet pulida million so‘m, valyutada yarim million dollar chiqqan, bir ombor to‘la G’arbning latta-puttalari va apparaturasi, shuningdek, bir dasta qimmatbaho litsenziyalar ham topilgan. Smelyakovning uyidan kamroq narsa — bor-yo‘g‘i uch yuz ming dollar pul chiqqan. Qolganlarga ibrat bo‘lsin deb ikkovlarini ham otib tashlashdi. Andropov litsenziyalarni bekor qilishni va uning hamma mavjud nusxalarini yo‘q qilib tashlashni buyurdi. Markazqo‘m cho‘p tiqilgan ari inidek g‘uvillab qoldi. Markazqo‘mning ish bajaruvchisi Pavlov Andropovga litsenziyalarni bekor qilib bo‘lmasligini tushuntira boshladi. Faqat ularning ustidan nazoratni kuchaytirish kerak. «Biz G’arbdagi o‘rtoqlarimizga nimalar yuborayotganimizni va ulardan nimalar olayotganimizni na chegarachilar, na bojxona xodimlari bilishlari kerak». Bu gapda mantiq kuchli edi. Andropov nima deb javob berishini bilmay qoldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:45:45
Qamoqqa olingan Baliq sanoati ministri Ishkov va uning muovini Rikovning ishi tufayli butun boshli bir jinoyatlar silsilasi ochilib ketdi. Bu jinoiy ishga mamlakatning butun-butun mintaqalari, ulardagi obkomlar, shaharqo‘mlar, ichki ishlar boshqarmalari daxldor ekan. Uzoq Sharqdan uvuldiriqni va baliqning qimmatli navlarini Rostov-Donga olib kelishgan. Bu yerda shaharqo‘m va mahalliy militsiya homiyligida juda katta yashirin baza bo‘lgan. Bu bazadan mahsulotlar to‘g‘ri xorijga jo‘natilgan, million-million dollar pul esa jinoyatchilarning mansablariga qarab o‘zaro bo‘lib olingan. KGBning maxsus bo‘linmasi Rostov ichki ishlar boshqarmasini bosadi. Savdo xodimlari va qo‘mita ahli o‘rtasida qamashlar boshlanadi. Oltin bilan valyuta vagonlarda olib chiqiladi. Ishga Daryo floti ministrligining xodimlari ham aralashgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, Daryo flotining kemalari belgilangan joylarga uvuldiriq va qimmatli baliqni yetkazib berishdan tashqari, o‘zining ham serdaromad ishlari bilan shug‘ullanar ekan. Amudaryo bo‘ylab Afgoniston chegarasi orqali dengiz floti kemalarida Yaponiya, Hindiston va boshqa Sharq mamlakatlaridan keladigan tovarlar tashilar ekan. Bular nafis shohilar, batistlar, elektronika va h. k. O’g‘irliklar juda katta hajmda sodir bo‘lgan. SSSR va Afg‘oniston hududida maxfiy omborlar tarmoqlari bo‘lgan, u yerlardan tovarlar chet elga valyutaga sotilgan.

Medunov ishi Butunittifoq bo‘ylab juda katta jinoiy tarmoqlarni ochib tashladi. Go‘sht-sut va meva-sabzavot ministrligini butun tarkibi bilan qamashga to‘g‘ri keldi. Birvarakayiga likyor-aroq zavodlarining direktorlari qamoqqa olindi. Leningradda shunday zavodlardan birining direktori uyi tintilganda, naqd pulu tilladan tashqari 8 ming shisha har xil konyak topildi. Moskva savdo boshqarmasining boshlig‘i Tregubov va uning 130 xodimi qamaldi. Ular Moskvadagi «Yeliseev» gastronomining direktori, avvalroq qamalgan va keyinroq otib tashlangan Sokolovning ko‘rsatmalari asosida hibsga olindi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:46:46
Andropov, deyarli, qaramay zarba berar va har gal mo‘ljalga aniq urardi.

Moskvada Dzerjinskiy rayonidagi sabzavot bazasining direktori va 17 ta xodimi qamaldi. 300 ming so‘mlik o‘g‘irlik qilingan. Direktor otildi.

Belokamenskda «Mejkolxozstroy» direktori qo‘lga olindi. U 200 ming so‘mni o‘g‘irlab, o‘ziga ikki qavatli g‘ishtin imorat qurib olgan ekan. Otildi.

Qimmatli ma’danlarning ikkilamchi xom ashyosini qayta ishlash zavodida millionlab so‘mlik oltin va kumush kukunlari o‘g‘irlangani ochildi. Direktor, bosh muhandis va bosh texnolog otib tashlandi.

Qand ishlab chiqaruvchi Kishinyov zavodida to‘rt million so‘mlik o‘g‘irlik bo‘lgan ekan. Zavod direktori, uning muovini va bosh texnolog otib tashlandi.

Ichki ishlar ministri Shchelokov va uning muovini, marhum Brejnevning kuyovi Churbanov ishdan olinadilar. Ikkalasini ham vaqtincha uy qamog‘ida saqlab turadilar. Tonnalab musodara qilingan boyliklarni ministrlik rahbarlari davlatga topshirmay, o‘zlari o‘zlashtirar ekanlar. Qamoqqa olinishidan avval Shchelokov o‘zini otib ulgurdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 17 Sentyabr 2012, 12:47:23
Ichki ishlar ministri lavozimiga Andropov Fyodorchukni tayinlaydi, uning o‘rniga esa KGB raisi qilib, o‘zining qadrdon muovini general Chebrikovni qo‘yadi. Moskvaga ko‘p yillar mobaynida sinovdan o‘tganday ko‘ringan kadrlar — Shevarnadze, Ligachyov, Rijkov chaqiriladi. Gorbachyov bilan birga ular Andropovning shaxsiy hokimiyati apparatini barpo etadilar.

Kurash endigina boshlanmoqda edi. Ko‘p sonli jinoyatlar fosh qilinganda ma’lum bo‘lyaptiki, ularning izi KPSS Markazqo‘miga, nomenklatura mulkining naqd yuragnga olib' kelar ekan. Bu yerdagilar sergak tortib qolishdi. Andropov nomenklatura mulkining kirish mumkin bo‘lmagan hududlariga kirib bo‘ldi, lekin u hozircha ministrlar, boshqarma boshliqlari, raykom kotiblaridan yuqoridagilarga tegayotgani yo‘q. Uning xatti-harakatini hushyorlik bilan kuzatib turishibdi. Lekin jinday xayrixoxdik ham yo‘q emas. Nima deganingizda ham u partiyaning tillasini ayrim odamlardan tortib olib, partiyaga qaytaryapti. Bu odamlar o‘z rutbalariga ko‘ra bu tillalarga egalik qilish huquqiga ega emasdilar yoxud bu miqdordagi boylikni to‘plamasliklari kerak edi.

Agar Andropov ishni shu darajada to‘xtatganda, shubha yo‘qki, u marksizmning mumtoz namoyandasi bo‘lib qolardi. Ammo uni mutakabbirligi nobud qildi. U partiyaga uning oltinlarini qaytarish payiga tushar ekan, bu ishni shunday amalga oshirmoqchi bo‘ldiki, oxir-pirovardida bu oltinlardan uning o‘zidan boshqa hech kim foydalana olmas edi. Bunaqa ishni, hatto, o‘rtoq Stalinning o‘zi ham eplay olgan emas. Binobarin, bu ish partiyaviy hayotning lenincha mezonlaridan yana bir keskin chekinish edi. Nihoyat, Andropov yana bir zarba berdi. Bu zarbaga u anchadan beri — 70-yillarning boshidan beri tayyorgarlik ko‘rardi. Bu galgi zarba — O’rta Osiyoga qaratilgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:01:13
1983 yilning iliq aprel kunlaridan birida Buxoroda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chada shahar OBXSSning boshlig‘i Axat Muzaffarov qo‘lga olinadi. Moskvadan kelgan KGB brigadasi hech qanday takallufsiz uning qo‘liga kishan urib, samolyotda poytaxtga jo‘natdi. Bir vaqtning o‘zida mahalliy militsiya rahbariyatidan va savdo zodagonlaridan yana olti kishi qamoqqa olindi... Tergov qisqa muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Buxoro viloyati partiya qo‘mitasining qarorgohiga, «Qizil chorboq» degan joyga, viloyat qo‘mitasining Birinchi kotibi Abduvohid Karimovning kabinetiga olib keldi. Butun dunyoga dong‘i ketgan mashhur «O’zbeklar ishi» boshlandi.

Muzaffarov ko‘p ham tixirlik qilmasdan, poraxo‘rlik va o‘g‘irlik borasida hamtovoqlar ustidan tezgina ko‘rsatmalar bera boshladi. Jumladan, Ichki ishlar ministrining birinchi muovini Davidovga qarshi ko‘rsatma berdi. Davidov so‘roqni kutib o‘tirmay o‘zini-o‘zi o‘ldirdi. Biroq u bir oz g‘alatiroq usul bilan boshiga pistoletdan uch marta o‘q uzishga ulgurgan edi. Butun O’zbekiston bo‘ylab shunday o‘zini-o‘zi o‘ldirishlar boshlandi. Muzaffarov bilan Karimovdan boshlangan izlar O’zbekiston Ichki ishlar ministri Ergashevga va undan Shchelokovga, Churbanovga, Siyosiy byuro a’zolariga, marhum Brejnevga olib borardi. Bu ishdan yana bir boshqa katta ish — paxtani qayta ishlash sanoatidagi o‘g‘irliklar haqidagi ish ajralib chiqdi. Ministrlikning hamma apparati va boshqarmalarning hamma boshliqlari qamoqqa olindi.

Bu ishni SSSR Bosh prokurori huzuridagi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchi Gdlyan va uning yordamchisi Nikolay Ivanov qabul qilib oldi. Ularga Andropov shaxsan ko‘rsatma berib ulgurgan edi; Andropov ularga faoliyat ko‘rsatishda to‘la erkinlik bergan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:02:25
Ishda O’zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi lavozimida Rashidovning o‘rniga kelgan Usmonxo‘jaevning faoliyati ham tez-tez tilga tusha boshladi. Holbuki, Usmonxo‘jaev bu mansabni Andropovning tavsiyasi bilan egallagan edi. Bir turkum tintuvlar kishini lol qoldiradigan natijalar berdi...

Ishda borgan sari yangi va yangi familiyalar qalqib chiqa boshladi: Ligachyov, Solomentsev, Rekunkov (Bosh prokuror), Terebilov, Gusev, Afanasev, Georgadze. Andropov ko‘p narsani ko‘rib pishib ketgan edi. Ammo bu familiyalar uni ham hang-mang qilib qo‘ydi.

Endi uning oldida ikkita yo‘l bor edi: yo nomenklatura mulkining qoq yuragiga zarba berish yoki shu yerda to‘xtash lozim edi. Biroq bosh shtabni va poraxo‘rlikning miyasini saqlab qolsa, butun kurash behuda ketardi. Partiya nomenklaturasining oliy rahbarlarini qamash va uylarida tintuv o‘tkazish uchun hafsala bilan tuzilgan ro‘yxatlar tayyorlab qo‘yilgandi.

Georgadzedan boshlashga qaror qilishdi. U ko‘pdan beri SSSR Oliy Soveti Prezidiumining kotibi lavozimini egallab kelardi. Bu yetarli darajadagi yuksak mansab edi, lekin Georgadze loaqal Markazqo‘mning a’zosi ham bo‘lgan emas. Uning butun umri nomzodlikda o‘tgan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:03:33
Operatsiyani o‘tkazguncha juda qattiq sir saqlashdi. Negaki, Georgadze nomenklatura qatidan joy olgan bo‘lmasa-da, uni bir chekkadagi arbob deb ham aytib bo‘lmasdi. U o‘rtoq Stalin zamonlaridan beri Kremlda o‘tirardi. Dohiyning o‘zi unga homiylik qilgan — uni bir marta ham qamamagan. Tergovchilar Georgadzening po‘lat qutilaridan va uyining yashirin joylaridan 8 kilogramm javohir va olmos, 100 ta oltin yombi (har biri 20 kilogrammdan), 40 million so‘m sovet puli, 2 million dollar, hovuch-hovuch uzuk, isirg‘a, marjon, Leonardo da Vinchi, Rubens, Van-Deyk, Ayvazovskiyning suratlarini topishdi. Hammasi bo‘lib 6 milliard so‘mlik buyum chiqdi.

Georgadze nisbatan maydaroq amaldor edi. Unga nisbatan rutbasi balandroq odamlarnikidan nimalar chiqishi mumkinligini o‘ylaganda odamning yuragi orziqib ketardi. Axir, Georgadze loaqal Markazqo‘m a’zosi ham emas edi-ya!

Lekin yuraklar orziqadigan hech narsa bo‘lmadi.

Shundan keyin ko‘p o‘tmay Andropov... g‘oyib bo‘lib qoldi. Uni shamollab qolgan deb, ancha vaqtgacha mamlakatning va dunyoning boshini qotirishdi. Keyin esa Yuriy Vladimirovichni elu yurtga tobutda ko‘rsatishdi.

Mixail Sergeevich Gorbachyov yig‘layverib shishib ketgan bevaning qo‘ltig‘idan tutib turardi. Hech kim hayron bo‘lmadi, negaki u marhumning o‘ng qo‘li va eng yaqin do’sti edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:07:05
UCHINCHI QISM
O’LJA BILAN QOCHISH

Tilini tiyolmaganlar Andropovni Koreyaning arvohlari o‘ldirgan deyishadi. Sababki, uch yuz ellik yo‘lovchini olib ketayotgan Janubiy Koreyaning «Boing» samolyoti uning buyrug‘i bilan urib tushirilgan edi. Arvohlar junbushga kelib, Andropovni mahv etishdi va bir yo‘la uning davlatini ham yo‘q qilib qo‘ya qolishga ahd qilishdi. Amerika Prezidenti Reygan bu davlatni «Yovuzlik imperiyasi» deb atagan edi. O’shandan beri bu nom dunyoda keng tarqalgandi. Harholda, mutlaqo jiddiy tarzda, Seul gazetalari shunday deb yozishdi. Eski hisobotlarning ko‘rsatishicha, 1913 yilda Rossiya hayot darajasining turli-tuman ko‘rsatkichlari bo‘iicha 3-dan 12-gacha o‘rinni egallagan, sanoat mahsulotining ko‘payishi bo‘yicha esa mutlaqo birinchi o‘rinda borgan. Buning ustiga, boshqa mamlakatlarni ancha ortda qoldirib ketgan. 1985 yilda SSSR jon boshiga ichki yalpi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda 68-o‘rinda turgan, shaxsiy iste’mol darajasiga ko‘ra esa 77-o‘rinni egallagan. Bolalar o‘limi, abortlar, qo‘ydi-chiqdilar va ichkilikbozlik bo‘yicha esa SSSR dunyodagi hamma mamlakatlardan o‘zib ketgan. Kommunistik tuzum o‘z xalqiga qarshi olib borgan uzluksiz qirg‘inbarot urushi mamlakatdagi aholining eng yaxshi, eng ishchan, eng iste’dodli qismini jismonan mahv etishga yoxud mamlakatdan qochishga olib kelishidan tashqari millatning irsiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Mamlakatda ma’naviy va axloqiy madaniyat darajasi keskin tushib ketdi. Ehtimol, kommunistlar Rossiya ustidan o‘zlarining yetmish yillik mudhish tajribalarini o‘tkazar ekanlar, xuddi ana shu maqsadga erishmoqni ko‘zda tutgan bo‘lsalar kerak.

Bir mo‘jiza bilan saqlanib qolgan millatning vijdoni turmalar va lagerlarga tiqib tashlangan yoxud muhojirlikda talvasa ichida hayot kechirmoqda edi. Millatning g‘ayratini saqlab qolgan qismi esa, butun kuchini imtiyozli hayotga erishishga sarflardi. U jon-jahdi bilan nomenklatura mulkiga kirib olishga harakat qilar, partiyaviy yo‘l bilanmi, chekist bo‘libmi, ilmiy, madaniy yoki hatto, sport yo‘li bilanmi — baribir, shunga erishsa bo‘ldi edi. Bu bo‘lmasa, o‘zini savdoga urar edi. Savdo sohasi esa mafiya va yashirin iqtisodiyot sohasi bilan butunlay chatishib ketgandi. O’z navbatida mafiya bilan yashirin iqtisodiyot ham partiya nomenklaturasi bilan surbetlarcha oshkora tarzda til topishgandi. Jamiyat o‘z dumini yuta boshlagan ilonga aylanib qolgandi. G’alaba qozongan nomenklatura mamlakatida bir necha xil valyuta amal qilardi. Bunaqa ahvol dunyoda boshqa birorta mamlakatda yo‘q edi. Bu — o‘lim to‘shagida yotgan yovuzlik imperiyasining halokatli ahvolini har qanaqa ko‘rsatkichdan yaxshiroq ifodalab berdi. Qullarga atalgan rasmiy so‘m hech narsa bilan ta’minlanmagan bo‘lib, xalqaro bozorda tan olinmagan va ichki bozorda juda tez quvvatini yo‘qotardi. Nomenklatura xorijiy so‘mini o‘ylab topgandi. Bu faqat uning xayolida mavjud edi. O’ylab topilganda ham, faqat bir maqsadda — ko‘proq xorijiy valyuta o‘marish uchun topilgandi. Mamlakatda har xil cheklar va sertifikatlar amal qilardi. Ularni Tashqi savdo banki chiqargan bo‘lib, quyi rutbali nomenklaturachilarga va savdo flotining dengizchilariga maosh sifatida to‘lashga xizmat qilardi. Bu cheklar va sertifikatlarda yopiq magazinlar hamda taqsimlash shoxobchalarida narsa xarid qilish mumkin edi. Maoshning loaqal bir qismini chek va sertifikatda olish juda sharafli hisoblanar va maosh oluvchining ijtimoiy mavqeini juda ko‘tarib yuborardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:08:34
Ammo maynavozchilikka o‘xshagan bu valyutalarning hammasini ezib-yanchib, nimjon sotsialistik iqtisodiyotni va o‘lik mafkurani majaqlab, odamlarning ongini uyg‘otib, mamlakat bo‘ylab DOLLAR odimlay boshlagandi. Bu pul «bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ehtimoldagi dushman»imizning puli edi. U allaqachon hech qanday qarshilikka duch kelmay nomenklatura mamlakatini bosib olgan, uning kanallari orqali esa yashirin iqtisodiyot va savdoga, barcha turdagi moddiy-texnika ta’minoti sohasiga, armiyaga va xavfsizlik idoralariga yorib o‘tgandi.

Qoloqlikda bo‘g‘ilib yotgan sanoat dollar talab qilardi.

Ilm-fan va tibbiyot dollar talab qilardi.

Harbiy sanoat qurilmasi dollar talab qilardi,

Dollar allaqachon butun mamlakatni «Levis» va «Montano» jinsilariga, «Adidas» sport kostyumlariga, turli kurtkalar va etiklarga kiyintirib ulgurgandi.

Dollar kommunistik «madaniyat»ni G’arb kinofilmlari va o‘yinlari to‘lqini bilan ezib qo‘ydi — qashshoq mamlakatda hech kim ular bilan raqobatlasha olmadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:09:44
Hamma idoralar bor ovozda va bor qat’iyati bilan hukumatdan dollar talab qilar, aks holda ahvol yomon bo‘ladi, deb qo‘rqitardi. Nomenklaturaniku qo‘yaverasiz — uning dollarga muhabbati hech qanday ta’rifga sig‘maydi.

Faqat chatoq joyi shunda ediki, so‘mdan farq qilaroq, dollarni mehnat qilib topish kerak edi. Nomenklatura esa ko‘pdan beri mehnatdan chiqib qolgan va mehnat qilishni bilmas ham edi. Hozircha uning qo‘lidan sotish kelardi, xolos. Chunki bu mamlakatdagi hamma narsa, shu jumladan, aholi ham hozircha unga qarashli edi. Biroq dollarga sotish mumkin bo‘lgan narsaning hammasi allaqachon sotib bo‘lingan edi. Xalq esa ortiq nomenklatura uchun ishlashni istamasdi. Natijada nomenklatura mulkidagi hayot darajasi sharmandali darajada pastga tushib ketdi. Oliy darajadagi maxsus taqsimlash shoxobchalarida qish faslida qulupnay va tarvuz masalasida uzilishlar bo‘la boshladi. Butun mamlakatda esa allaqachon oddiy kolbasani ham unutib yuborishgan edi, sut va yog‘ talonlar bilan beriladigan bo‘lib qolgandi. Och aholi har tomondan Moskvaga yopirilib kelar va u yerda o‘zining sho‘r peshona puliga biron arzigulik narsa xarid qilishdan umidvor edi. Xalqni loaqal nonga to‘ydirish uchun ham yana dollar kerak. Shularning hammasiga qaramay, mamlakat — mana olti yildirki — Afg‘onistonda urush olib bormoqda. Bu yerda generallar allaqachon mazaxo‘rak bo‘lib, dollar ishlash yo‘lini o‘rganib olishgan, shuning uchun ular har qanday qilib bo‘lsa-da, urushni to‘xtatmaslik payida edilar. Bu urushda dollarga hamma narsa sotilardi — qurol ham, operativ rejalar ham, harbiy sirlar ham, oltin, zabarjad va tabiiyki, askarning hayoti ham. Bu juda g‘aroyib urush edi — o‘lib borayotgan imperiyaning so‘nggi urushi. Ana shunday bir sharoitda Mixail Sergeevich Gorbachyov KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibligiga saylandi.

U o‘z salaflaridan uch kishini — Brejnev, Andropov va Chernenkoni yerga qo‘ydi. Chernenkoni hisobga olmaganda, ulardan juda ko‘p narsa o‘rgandi. Oqibatda u shunga amin bo‘lgan ediki, Brejnev va Andropov usullari bilan ish yuritib bo‘lmaydi. Bu yo‘l muqarrar halokat yo‘li — Brejnevning usuli mamlakatni halokatga olib keladi, Andropovning usuli esa shaxsan uning o‘zini halok qiladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:11:24
Partiya nomenklaturasi yashirin iqtisodiyot bilan shu darajada chatishib ketganki, mafiyaga qaratilgan har qanday tadbirni buyuk Lenin partiyasiga qarshi qaratilgan ish deb biladi. Chunki, bu partiyaning o‘zi hamisha mafiya bo‘lgan va mafiya qonunlari asosida yashagan edi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Partiya jinoyatchilar dunyosi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyot barpo etsa, buning nima yomon joyi bor? Bu axir mudhish mamlakatda omon qolishning oqilona bir yo‘lida! Umuman olganda, Brejnev negadir yoqtirgan va Andropovning nafratini qo‘zg‘agan yashirin iqtisodiyot deganining o‘zi nima? Bu — juda jo‘n narsa. Nimjon va samarasiz sotsialistik iqtisodiyot bilan bir qatorda iqtisodiyotning o‘ta mahsuldor, samarali, bozor tizimi barpo etiladi. Ha, bu sof kapitalistik ishlab chiqarish! Odamlar bu yerda yaxshi mehnat qilishadi, yaxshi topishadi, shunday narsalar ishlab chiqarishadi-ki, hatto, G’arbda ham unga talab bor. Tabiiyki, bizning ulushimizni ham berib turishadi. Ularga ishlashga imkon berganimiz uchun, xom ashyo va asbob-uskunalar bilan ta’minlaganimiz uchun. Bunday sharoitlarda, atbatta, reket degan narsa chiqadi. Biz ularni «reket»dan himoya qilamiz, ba’zan oralariga tushib qozilik qilamiz. U yog‘ini surishtirsangiz, bu ishlarimiz jamoat foydasiga ham xizmat qiladi, chunki yashirin iqtisodiyotning mahsulotlari ichki bozorda ham tarqaydi. Unda «qora bozor» degan bir dunyo borki, bu aholining ko‘pgina qatlamlariga durustgina tirikchilik qilish imkonini ochadi. Yashirin tizimlarning Harbiy-sanoat majmuasiga deyarli daxli yo‘q, ammo unga o‘z ishini bemalol qilish imkonini beradi. Biroq rasmiy iqtisodiyotning shirasini suzib olayotgan va shu yo‘l bilan uni halok qilayotgan ana shu yashirin tizimlar emasmi? Ha! Biroq bu rasmiy iqtisodiyotimizning kimga keragi bor? Ko‘pdan beri ma’lumki, u aslida haq to‘lanadigan ishsizlikdan boshqa narsa emas. Odamlar ertalabdan kechgacha nima bilandir band bo‘lishlari kerak. Buning uchun ular oladigan haq AQShdagi ishsiz negr oladigan nafaqadan yuz baravar kamdir.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:43:45
«Ehtimol, biz butun iqtisodiyotni bozor izlariga ko‘chirib, samarali iqtisodiyotga aylantirib qo‘ya qolarmiz? O’rtoqlar bu masalaga qanday qarashadi? Yashirin iqtisodiyotni oshkora iqtisodiyotga aylantiramiz, uning yoniga rasmiy iqtisodiyotni qo‘shamiz. Eng muhimi — boshlamoq, chuqurlashtirmoq, u yog‘i yomon bo‘lmaydi — jarayon boshlanib ketadi. Qani, nima deysizlar, o‘rtoqlar?»

O’rtoqdar — jim.

«Eng muhimi, o‘rtoqlar, — deb davom etadi yana Bosh kotib, — biz iqtisodiyotni ko‘tarmog‘imiz kerak. Chunki boshqa hamma narsa shundan boshlanadi».

«Bu ishga dollar kerak. Ko‘p dollar kerak. Uni qaerdan olamiz?»

«Qaerdan deysizmi? Imperialistlardan olamizda!»

«Boshqa berishmaydi. Siz — Mixail Sergeevich, Andropov bilan birga shunaqa ishlarni qilib qo‘ydilaringki, endi boshqa berishmaydi. Marhum Leonid Ilich ular bilan til topishishga usta edi. Andropov hammayoqni rasvo qildi. Nimaning evaziga qarz so‘raymiz endi? Shundoq ham 30 milliarddan ortiqroq qarz bo‘lib qolganmiz, qirq milliard dollardan ortiqroq pulning kafolatini olganmiz. Joni jannatda bo‘lgur Leonid Ilich: «Agar qarzlarini qistayversalar, urush boshlab yuboraversa ham bo‘ladi. Boshqa iloji yo‘q», — degan gapni qayta-qayta aytishni bejiz yoqtirmagan».

«Shunday bo‘lishiga qaramay, yana bir masala borki, shuning yuzasidan ular qarz beradi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:45:48
O’tirganlar hayron bo‘lib, sergaklanib sip-silliq uzun stolning to‘rida Leninning katta surati tagida o‘tirgan Bosh kotibga tikilib qolishdi.

«Inson huquqi masalasida. Albatta, berishadi. Oshkoralik masalasida ham berishadi. Jamiyatimizni boshdan-oyoq qayta quramiz desak, berishadi».

«Bu ishdagi eng muhim jihat shundaki, — deb sheriklarining gapiga yakun yasaydi Gorbachyov, — sotsializm ko‘proq bo‘lsin. Xalqimiz 1917 yildayoq tarixiy yo‘lini tanlab olgan, undan qaytish yo‘q».

«Kim qo‘shiladi, kim qarshi, kim betaraf? Tushiringlar. Bir ovozdan».

Badarg‘a qilingan akademik Saxarovning Gorkiydagi kichkinagina kvartirasida bir yildan beri telefon ishlamas edi. Gorkiy KGBsining xodimlari va Moskvadan muntazam kelib turadigan mutaxassislar bu uydan kechasiyu kunduzi ko‘zlarini uzmasdilar. Saxarovning o‘zi yaqindagina «xos jinnixonadan» chiqarilgan edi. Bunaqa jinnixona marhum Andropov bilan bamaylixotir umrguzaronlik qilayotgan sovet psixiatrlarining birgalikda yaratgan dohiyona kashfiyotlari edi. Bu yerda Tinchlik uchun Nobel mukofotining laureati, dunyoga taniqli olimga kuchli ta’sir etuvchi psixotrop dorilardan ukol qilishgan, yotqizib qo‘yib, burnini temir qisqich bilan qisib, zond orqali majburan ovqatlantirishgan. Sovet matbuotida Saxarovga va uning xotini Yelena Bonnerga qarshi yo‘naltirilgan shiddatli hujum bormoqda edi. Xalqaro jamoatchilik quldorlik tartiblari hukmron bo‘lgan mamlakatda inson huquqi uchun kurashishga jur’at qilgan bu mard olimga ko‘maklashish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilmoqda edi. AQSh Prezidenti Reygan, hatto, Qo‘shma Shtatlarda «Saxarov kuni» e’lon qilib, butun dunyoning e’tiborini uning taqdiriga jalb etmoqchi bo‘ldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 11:47:06
«Gorbachyov akademik Saxarovni ozod qildi!» — deb hayqirardi gazetalar sayyoradagi hamma tillarda.

«Moskvaning bu qadami shubhasiz shundan dalolat beradiki, SSSRda ko‘p yillar davom etgan turg‘unlik va o‘zboshimchalikdan so‘ng yana iliqlik fasli boshlandi. Bu iliqlik pishib yetgan iqtisodiy va siyosiy islohotlarni amalga oshirish zaruriyatidan tug‘ilgandir. Bu islohotlar Xrushchyov qilgan islohotlardan o‘tib ketadimi — yo‘qmi? Ko‘p narsa G’arbga bog‘liq. Iqtisodiy tanazzuldan, surunkali qurg‘oqchiliklardan, poraxo‘rlikdan, mislsiz maqtanchoqliklardan va nihoyat, Afg‘onistondagi adoqsiz urushdan sillasi qurigan xasta sovet tuzumiga G’arb qancha sarmoya sarflashga rozi... Ammo nima bo‘lganda ham hammaga shunisi ayonki, Moskva yangi yo‘nalish sari yuz o‘girmoqda».

Ammo Sovet imperiyasining beso‘naqay, bahaybat, boshqarish qiyin bo‘lgan kemasining «yangi yo‘nalish sari yuz o‘girmoqqa» o‘nglanib olish uchun kuchi yetmay qolgandi. Oqim uni qoyalar sari shiddat bilan surib ketib borardi. Fursat allaqachon boy berilgandi. Kema kapitani o‘rnida turgan Gorbachyov buni aniq-ravshan ko‘rib turardi! U imkoni boricha qoyaga sekinroq urilish tadorikini ko‘rardi. Aks holda, yadro qurollari bilan to‘lib-toshgan kema portlashidan uning o‘zi ham, butun jahon ham halok bo‘lishi hech gap emasdi. Bu haddan ziyod og‘ir vazifa edi. Lekin bir amallab bajarsa bo‘lardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:35:02
Ovrupodagi hamma mamlakatlarning poytaxtlarida va Vashingtonda kutilmaganda Moskvadan esib qolgan iliq o‘zgarish shamollariga G’arb hukumatlarining munosabatlari qanday ekanini diplomatik yo‘llar bilan o‘rgana boshladilar. Qayta qurish va oshkoralik — bundan buyon Moskva o‘zining ichki va tashqi siyosatida ana shu ikki shiorga amal qilish niyatida. G’arbda unchalik ishonishmadi. Brejnev umrining oxiridagi siyosat. Andropov yurgizgan siyosat G’arbda hokimiyat tepasiga kommunizmga qarshi murosasiz kurashchilarni olib keldi. AQShda Prezident Reygan va Angliyada Margaret Tetcher shular jumlasidan edi. Ularni ortiq quruq va’dalar va gaplar bilan avrab bo‘lmasdi. Muayyan ish kerak edi. Boshlanishi uchun — hamma siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Afg‘onistondagi urushni to‘xtatish kerak. Sirasini aytganda, biz bunga tayyormiz, lekin pul kerak.

Yetmish yildan beri qotib qolgan ma’muriy-byurokratik mashinani qayta qurish uchun katta mablag‘ zarur. Sovet matbuoti mutlaqo to‘g‘ri qayd qilmoqda: hamma narsa G’arbga — uning qayta qurishimiz va oshkoraligimizga qancha pul sarflashga roziligiga bog‘liq. Avvalgi hukmdorlar tomonidan va yaramas iqtisodiy tuzum tufayli mamlakat xarob qilinib bo‘lingan. Qayta qurish va oshkoralik — o‘z-o‘zicha maqsad emas, balki mamlakatning bozor iqtisodiyotiga silliq o‘tishi uchun bir vosita. Lekin pul yo‘q. Bironta dastur uchun ham pul yo‘q. Hatto, qamoqlar va lagerlardan siyosiy mahbuslarni ozod qilish uchun ham pul yo‘q. Bunda eng muhimi — ishni boshlab yuborish, jarayon o‘z-o‘zidan yurishib ketadi, chunki u ko‘p narsani boshlab beradi. Yordam bering.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:35:46
KGB to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Nechuk? Qanday qilib? 70- va 190-moddalar bo‘yicha ishlarni to‘xtatib, siyosiy mahbuslarni ozod qilish kerakmi? Axir yashirin politsiyaning butun-butun boshqarmalari shuning ketidan tirikchilik qiladi-ku! Indamay, «he yo‘q, be yo‘q» bo‘shatib yuboraveramizmi? Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Undan ko‘ra, kelinglar, avvaliga ba’zi bir ishlarni qayta ko‘rib chiqaylik, afv etish yo‘li bilan uch-to‘rt odamni bo‘shatsak bo‘shataylik, uch-to‘rt kishining muddatini qisqartiraylik (ba’zi birovlarining muddatiga qo‘shib beraylik). Generallar Afg‘onistonni tark etish haqidagi gapni eshitishni ham istamas edilar. Urush g‘alabagacha davom etishi kerak. Partizanlarning qo‘lida Amerika va Angliyaning «Yer—havo» tipidagi raketalari paydo bo‘ldi. Janubda ularning harakatini Pokiston aviatsiyasi qo‘riqlab turibdi. Eron radiolokatsion tarmog‘i ularning xizmatini qilmoqda. Hamma tomonlarning valyutadagi daromadlari ortib bormoqda edi. SSSRga kelayotgan qo‘rg‘oshin tobutlarning oqimi esa ko‘paygandan-ko‘paymoqda.

Partiya ko‘rsatmalari KGB bilan armiyani junbushga keltirayotgan, diplomatlar G’arbning byurokrat ma’murlar tomonidan xarob qilingan mamlakatga qanday shartlar bilan qancha qarz berishi mumkinligini aniqlab turgan holatda yangi Bosh kotib KPSS Markazqo‘mining bepoyon xo‘jaligini bir ko‘zdan kechirishga ahd qildi. Nihoyat u, nomenklatura deb atalgan mo‘‘jazgina go‘zal mamlakatning toj kiymagan qiroli bo‘lib olgach, bu yurtning hamma siru asrori uning ko‘z oldida namoyon bo‘ldi. Quruqlikning oltidan birini egallagan katta mamlakat xarob bo‘lib, axlat ichida, qonga belanib, tikanli simlar ortida yotibdi. Kichkina nomenklaturada esa, Xudoga shukur, hozircha hamma ishlar joyida. Ammo bu yerda ham yashash darajasi qay bir darajada pasaya boshladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:36:03
KPSS Markazqo‘mining ishlar boshqaruvchisi Nikolay Kruchina Bosh kotibga nomenklaturadagi joriy moliyaviy va xo‘jalik ahvoli haqidagi hujjatlarni haftada ikki marta — dushanba va juma kunlari taqdim etardi. Payshanba kunlari Siyosiy byuro to‘planib, Kruchina va uning boshqarmasi oldidagi vazifalarni belgilab berardi. Bu boshqarma Granevskiy ko‘chasidagi juda katta imoratga joylashgandi. Bosh kotib hamma moliyaviy hujjatlarni shaxsan o‘zi ko‘zdan kechirib, imzo chekardi. Xorijiy valyuta bilan bog‘liq hujjatlarni, ayniqsa, sinchiklab ko‘rardi. Yangi Bosh kotib hamma narsani ipidan-ignasigacha surishtirar, har bir dollarning tagigacha yetmoqchi bo‘lardi.

KPSSning Moskvadagi xo‘jaligi juda katta bo‘lib, Butunittifoq ko‘lamida oladigan bo‘lsa, chindan ham quloch yetmas darajada edi. Faqat poytaxtdagina KPSS umumiy maydoni 137 ming kvadrat metr keladigan 5 ming imoratga egalik qilardi. KPSS Markazqo‘miga qarashli 114 nashriyot va 80 bosmaxonada 80 ming odam mehnat qilardi. Ular faqat poytaxtning o‘zida har yili partiya xazinasiga 450 million so‘m foyda keltirar edilar. Markazqo‘m ixtiyorida 19 ta hashamatli sanatoriy va 40 ta dam olish uyi, yuzlab poliklinika va kasalxonalar bor edi. Faqat Moskva yonidagi Serebryaniy Borda Markazqo‘mning 1800 dala hovlisi va qasrlari joylashgandi. Markazqo‘mga garajlar, oshxonalar, magazinlar, kushxonalarda, oziq-ovqat sanoati fabrikalarida maxsus sexlar, novvoyxonalar, sartaroshxonalar, ximchistkalar, kiyim tikadigan atelelar va yana boshqa ko‘pgina narsalar qarardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:36:26
Bularning bari juda katta xarajatni talab qilardi, chunki asbob-uskunalar, stanoklar, maishiy va sanitariya buyumlari chet eldan keltirilgan bo‘lib, doimiy ravishda qismlarini almashtirib turishni talab qilardi. Qismlar ko‘p ishlatilish natijasida yaroqsiz holga kelib qolar yoki G’arb bozorida bunga o‘xshash buyumlarning yangilari muomalaga chiqardi. Butunittifoq ko‘lamida har yili barcha nomenklatura xo‘jaligini yaxshi ahvolda saqlab turish uchungina taxminan 5 milliard so‘m sovet puli va 1,5 milliard dollar valyuta kerak bo‘lardi. Bundan tashqari, ayni hozirgi joriy yilda xarajatlar juda ko‘payib keta boshladi. Negaki, birinchidan, G’arbda juda ko‘p buyumlar va xizmatlarning narxi keskin ko‘tarilib ketdi, ikkinchidan esa, o‘zimizda yangi dala hovlilari qurish dasturlari kengaydi. Nega desangiz, Stalin zamonida qurilgan ko‘pgina dala hovlilari butunlay eskirib, yashab bo‘lmaydigan holga kelgan edi. Axir, ularda na hovuz bor, na sauna, na tennis maydonchasi. Boshqa narsalarni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. Mana, Gorbachyov ham Qrimdagi yangi dala hovlisining qurilishi qanday borayotganini surishtiryapti. «Dala hovli» deb shunchaki nomiga aytiladi. Aslida, gap bir qator garaj qurilishlariga, turli xizmatlar binolariga, xizmatkorlar va soqchilarning turar joylariga, liftlarga, dengiz sohiliga olib tushadigan marmar zinapoyalarga, to‘lqin qaytargichlarga ega bo‘lgan butun boshli katta qurilish haqida ketyapti. Bunday «dala hovli» baland devor bilan o‘rab olinishi, unga olib keladigan yo‘llar bekamu ko‘st, aloqa vositalari benuqson ishlashi zarur. Ishlar Siyosiy byuro tasdiqlagan muddat bo‘yicha boryapti... Xarajatlarni smetada ko‘rsatilganicha, 3 million dollardan oshirmaslikka harakat qilamiz.

O’rtoqlarning xorijiy xizmat safarlari va oilaviy tarzda davolanish uchun yoxud boshqa maqsadlarda xorijga chiqish bilan bog‘liq xarajatlar ham muttasil ko‘payib bormoqda. Bu modda bo‘yicha xarajatlar yiliga taxminan 500 million dollarni tashkil qiladi. 500 million dollar-a! Ko‘plik qilmaydimi bu? Bunaqada... Mana, varaqalarni o‘zingiz ko‘ring, Mixail Sergeevich! Har yiliga 50 ming odam, har biriga bor-yo‘g‘i 10 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Xorijda bunaqa pulga unchalik yayrab yashayolmaysan. G’arbda narx-navo juda ko‘tarilib ketyapti. Rejada ko‘rsatilgan miqdorni bir amallab zo‘rg‘a ushlab turibmiz. O’rtoqlar uni oshirish masalasini Siyosiy byuroga qo‘yish zarurligini aytishyapti. Endi xalqaro ishlar haqida.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:37:04
«Qardosh partiyalarga yordam» moddasi bo‘yicha xarajatlar. Gap faqat kapitalistik mamlakatlardagi partiyalar to‘g‘risida bormoqda. Partiyalar hokimiyat tepasida bo‘lgan joylarda pul Moliya vazirligi va Davlat banki orqali davlat byudjetidan o‘tkaziladi. An’anaviy tarzda biz Fransiya Kompartiyasi bilan juda keng ko‘lamda ish olib boramiz, negaki ayni Fransiyada soliq tizimi juda insofli. Har yili Ovrubank orqali biz Fransiya Kompartiyasi hisobiga 2 million dollar o‘tkazamiz. Bundan tashqari «Yumanite» gazetasi hisobiga ham alohida pul o‘tkazamiz. Afsuski, bu gazeta muttasil o‘zini qoplayolmaydi. Mana, 1978 yildan beri unga ketgan xarajat:

1978 yil — bir million 662 ming frank, 1979 yil — bir million 751 ming frank, 1980 yil — bir million 862 ming frank, 1981 yil — bir million 877 ming frank, 1982 yil — bir million 878 ming frank, 1983 yil — bir million 542 ming frank, 1984 yil — bir million 933 ming frank, 1985 yil — bir million 974 ming frank.

Mana, Siyosiy byuro tomonidan tasdiqlangan hujjat. Unga siz imzo chekishingiz kerak. Chunki bunaqa hujjatlar sizning imzoingizsiz hech qanaqa kuchga ega emas. Bu qoidani o‘rtoq Stalin o‘rtoq Leninning vafotidan keyin joriy qilgan edi. O’shanda ma’lum bo‘lgandi-ki, Vladimir Ilichning ko‘ngilchanligi va yetarli darajada talabchanlik ko‘rsatmagani sababli partiyaning juda katta miqdordagi puli allaqaylarga g‘oyib bo‘lgan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:38:46
«Mutlaqo maxfiy.                               
P 219/7 20.09.85.
Italyan Kompartiyasi rahbariyati a’zosi o‘rtoq Kossutaning iltimosi haqida.
1.  IKP rahbariyati a’zosi o‘rt. Kossutaning iltimosi qondirilsin va 1985 yilda «Ufqlar» jurnalini nashr etish uchun 200000 dollar ajratilsin.
2. SSSR Davlat bankiga (o‘rt. Alximovga) o‘rt. B. N. Ponomaryovga maxsus maqsadlar uchun 200000 dollar ajratish toshnirilsin.
3. Mablag‘ni yetkazib berish KGBga topshirilsin.
KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi — imzo».

Mana yana bir hujjat:
«Mutlaqo maxfiy.                           
P 157/2390 28.10.85.
AQSh Kompartiyasi Markazqo‘mining iltimosi to‘g‘risida.
1. AQSh Kompartiyasi Markazqo‘mining iltimosi qondirilsin va partiya qurilishi ishlariga 250000 dollar ajratilsin.
2. SSSR Davlat bankiga (o‘rt. Fominga) o‘rt. B. I. Ponomaryovga maxsus maqsadlar uchun 250000 dollar ajratish topshirilsin.
3.  Pullarni yetkazib berish KGBga topshirilsin.
KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi — imzo».

Yana bir hujjat:
«Mutlaqo maxfiy.
P 161/2738 29.10.85.
O’rt. Urbanining iltimosi haqida.
1. BKP Markazqo‘mi a’zosi o‘rt. Urbanining iltimosi qondirilsin va unga partiya matbuoti ehtiyojlari uchun imorat xarid qilish maqsadida 2 million 196 ming 650 belgiya franki ajratilsin...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:40:47
Gorbachyovga Kruchina ma’qul tushib qoldi. Chehrasi ochiq, tashqi qiyofasi kelishgan. Jozibador tabassumi bor. Oq oralagan sochlari hali o‘rnida. Hamma narsani tushunarli qilib aytib beradi. Bosh kotib ba’zi narsalarni ilgari ham bilardi, lekin ba’zi narsalardan birinchi marta xabardor bo‘lyapti.

«Bu 500 million nimaga mo‘ljallangan?»

Kruchina tushuntirib beradi:

«Do‘stlarimizning shoshilinch iltimoslariga ko‘ra bir yilda shuncha miqdor yig‘ilib qoladi».

«Bunisi tushunarli. Xo‘sh, manavi, 500 million nimani bildiradi?»

«Bu o‘rtoq Saddam Husaynga Eron bilan urushmog‘i uchun. Shu yo‘l bilan Tehron bizga nisbatan betaraf tutib turiladi va bu Afg‘onistondagi harakatlarimizga yo‘l ochadi».

«Shoshmang, biz har yili Husaynga milliard so‘m sarflaymizku! Unga eng yangi tipdagi qurol-aslaha, yonilg‘i, ehtiyot qismlari yetkazib beramiz, maslahatchilarining haqini to‘laymiz. Bundan tashqari, har yili Iroq Kompartiyasiga alohida 400000 dollar ajratib turamiz!»

«Shu o‘rinda bir narsani aralashtirib yubormaslik kerak, Mixail Sergeevich. Qurol-aslahayu boshqa narsalarning xarajati davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Husaynning o‘ziga beriladigan 500 million bilan yana 400 ming KPSS fondidan ketadi».

«Afg‘oniston bizga juda qimmatga tushar ekan-da?!»

«Ha, shunaqa, — deb ma’qullaydi Kruchina. — Hozir hamma narsa juda qimmat. 120 ming kishilik qo‘shinni saqlab turish uchun har yili 50 million talab qilinadi».

«Dollarmi?»

«Yo‘q, baxtimizga, hozircha o‘zimizning pulda. Hozircha 1985 yilga qadar biz armiya ehtiyojlariga 80 milliard so‘m sarfladik. Undan tashqari, amalda Afg‘oniston shaharlaridagi aholini biz boqyapmiz. Bu yiliga yana 70 million degani. Ammo bularning bari davlat byudjeti hisobidan...
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:41:33
...KPSSning Afg‘onistondagi xarajati uncha katta emas — yiliga bor-yo‘g‘i bir yarim million dollarga to‘g‘ri keladi. Afg‘oniston uchun istisno qilamiz. Ammo boya aytganimdek, hukmron partiyalarning hammasi davlat byudjetidan ta’minlanadi. Mana, qardosh partiyalar faoliyati uchun to‘lov varaqasi. Bu majburiy to‘lovlar sirasiga kiradi. Raqamlar barqaror. Lekin keyingi paytlarda bu xarajatlar ham yiliga 1—1,5 foiz oshib bormoqda.

1. AQSh kompartiyasi — 2.000.000 dollar.
2. Fransiya kompartiyasi — 2.000.000 dollar.
3. Finlyandiya kompartiyasi — 1.800.000 dollar.
4. Portugaliya kompartiyasi — 1.000.000 dollar.
5. Gretsiya kompartiyasi — 900.000 dollar.
6. Isroil kompartiyasi — 800.000 dollar.
7. Chili kompartiyasi — 700.000 dollar.
8. Livan kompartiyasi — 500.000 dollar.
9. Venesuela kompartiyasi — 500.000 dollar.
10. Hindiston kompartiyasi — 500.000 dollar.
11. Italiya kompartiyasi — 500.000 dollar.
12. Daniya kompartiyasi — 350.000 dollar.
13. Peru kompartiyasi — 350.000 dollar.
14. Salvador kompartiyasi — 400.000 dollar.
15. Argentina kompartiyasi — 400.000 dollar.
16. Braziliya kompartiyasi — 330.000 dollar.
17. AKEP (Kipr) — 300.000 dollar.
18. Ispaniya kompartiyasi — 300.000 dollar.
19. Iroq kompartiyasi — 400.000 dollar.
20. Avstriya kompartiyasi — 250.000 dollar.
21. Suriya kompartiyasi — 250.000 dollar.
22. Misr kompartiyasi — 230.000 dollar.

Bunga Falastinni Ozod Qilish tashkilotini ham qo‘shib hisoblasak, hammasi bo‘lib, yiliga taxminan 40 million dollar bo‘ladi. Boshqa sarf-xarajatlar bilan taqqoslasa, uncha ko‘p emas, shunday emasmi?»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:42:34
Gorbachyov diqqat bilan tinglaydi. Hujjatlarga imzo chekadi. Bahslashadi, bir nimalarni isbot qiladi, tushunmagan joylarini surishtiradi. Amsterdam, Syurix, London, Parij, Tokio va Singapur banklari, Xammer, Maksvell, Simada singari shaxslar xufiya tarzda bizning xizmatimizni ado etadigan milliarderlar. Bajonidil sherikchilikka hamkorlik qiladigan mafiya guruhlari. Raqamlar, raqamlar va yana raqamlar. Milliard-milliard dollarlar. Tonnalab oltin va brilliantlar.

Butun jahon mamlakatlaridagi partapparat xodimlarining KPSS Markazqo‘mi qoshidagi Ijtimoiy fanlar Akademiyasida o‘qitish xarajatlari, xorijiy kompartiyalar arboblarining SSSRga kelib-ketishi uchun bo‘ladigan sarf-xarajatlar (xizmat safarlari, dam olish, davolanish), SSSRda vaqtincha yoxud doimiy istiqomat qiluvchi siyosiy muhojirlarga sarflanadigan xarajatlar... Sovet buyurtmalarini o‘z mamlakatlarida joylashtirish bo‘yicha qardosh kompartiyalarning takliflari... Bu ishda ular dallollik qilishadi. Qo‘shma korxonalar, «do‘stona firmalar», nomi bor-u o‘zi yo‘q firmalar...

Mamlakatda esa ichkilikbozlikka qarshi kurash avj olgan. KPSSning fikricha, bu kurash mehnat unumdorligini ko‘tarishi kerak.

Yangi tug‘ilgan oshkoralik gazeta sahifalari va televizor ekranlarida yurakni orziqtiruvchi xitoblar bilan o‘ziga yo‘l ochmoqda: «To‘rt yashar qizaloq leykemiya kasaliga chalingan. Bizning mamlakatimizda bu kasallikni davolamaydilar. Qizaloqning Hayotini saqlab qolish uchun 3 ming dollar kerak!»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:43:06
Bepoyon mamlakatdan sado chiqmaydi. KPSSdan boshqa kimda dollar bor? Ammo bunaqa xitoblar hech qachon KPSSning qulog‘iga kirgan emas, hozir ham kirmaydi. Mabodo, biror odamning valyutada yashirib qo‘ygan bir-ikki mingi bo‘lsa, u xasta qizaloqqa bajonidil yordam berishga tayyor, ammo u qo‘rqadi. Balki u chekistlar qo‘ygan tuzoqdir? Dollaringni ko‘rsatasan-u, 10 yilga o‘tirasan. Undan ko‘ra indamay qo‘ya qolgan ma’qul. «G’arbiy Germaniya firmasi... qizni davolash ishlarini zimmasiga oladi va uni ota-onalari bilan Gamburgga taklif qiladi. Ammo qizning onasi GFRga borish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lguncha (Bu xotin GFRga nega bormoqchi? Haqiqatan ham qizi kasalmi? Kasal bo‘lsa, uni shu yerda davolab bo‘lmaydimi? Qizning ota-onalari davlat sirlaridan voqif emasmikinlar? Germaniyaga borib olib, bizning tuzumimizni qoralashga tushmasmikinlar?), qizaloq olamdan ko‘z yumadi...»

Keyin Chernobilga navbat keldi.

Kommunistik partiya o‘z xalqiga qarshi olib borgan urushlar ro‘yxatida atom urushi yetishmas edi. Nihoyat, u ham boshlandi. Nagasaki va Xirosima ustiga tashlangan atom bombalarinikidan kuchliroq radiatsiya yuz minglab odamlarni zaharladi va Ukraina, Belorussiya, Boltiqbo‘yi, Rossiyada juda katta hududlarga ta’sir qildi. Radiaktiv bulutlar Sharqiy va Markaziy Ovrupo osmonidan o‘tib, Shvetsiya sohillarigacha yetib bordi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:43:30
Chernobildagi portlash bir qator hodisalarga turtki bo‘ldi. O’lim talvasasiga tushgan imperiya odamlarning ko‘z o‘ngida chok-chokidan so‘kilib keta boshladi. Chirish va parchalanish jarayonida oshkoralik avj oldi. Halok bo‘layotgan mamlakat boshiga uning yetmish yillik iflos va qonli tarixi haqidagi haqiqat bir shovvaday quyildi. Jamoatchilik kuchlari uyg‘ondi. Ko‘p minglab odamlar ishtirok etgan mitinglar boshlanib ketdi. Ular hali uncha uyushmagan, tarqoqroq edi. Lekin shunday bo‘lsa-da, mitinglarda mamlakat boshiga tushgan hamma kulfatlarning bosh sababi KPSS va uning tomonidan yaratilgan jamiki jinoyatkorona davlat hokimiyati tizimlari ekani tilga olina boshlandi. KPSS bunga loqaydroq munosabatda bo‘ldi — u Gorbachyov va’da qilgan G’arbdan olinadigan qarzlarni kutmoqda edi. Gorbachyov ularning umidlarini puchga chiqarmadi. U G’arbiy Ovrupo mamlakatlari bo‘ylab tinimsiz qatnab qoldi. Amerikaga uchib borib kela boshladi, prezidentlar, bosh vazirlar, qirollar, qirolichalar, jamoat arboblari, tadbirkorlar va bankirlar bilan uchrashdi, ularning hammasini ham o‘zining «yangi tafakkur» haqidagi g‘oyalari bilan, o‘zining «qayta qurish» va «oshkoraligi» bilan, atom bombasiga minib o‘tirgan jahonni o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflari bilan rom etdi. Bularning hammasi shunchaki quruq gap emasligini isbotlash uchun mamlakatda Gorbachyovning buyrug‘i bilan yana bir bor Stalinni fosh qilish kampaniyasi o‘tkazila boshlandi. Matbuotda, radioda, televidenie, kino ekranlarida va sahnalarda — tunu-kun tinmay desa ham bo‘ladi, marhum generalissimus fosh qilindi, qoralandi va la’natlandi. Lekin bu kampaniya darhol nazoratdan chiqib ketdi va uning bir uchi kelib KPSSning o‘ziga tega boshladi. «Ko‘proq demokratiya! Ko‘proq oshkoralik!» - deya xitob qilishda davom etardi Gorbachyov Vashingtonda, Parijda, Londonda, Bonnda.

«Ko‘proq sotsializm! Ko‘proq intizom!» — deb ta’lim berardi u uyga qaytib.

Nihoyat, u bu ikki xitobni birlashtirdi-da, o‘zimizda ham, xorijda ham: «Ko‘proq demokratiya! Ko‘proq sotsializm!» — deya hayqira boshladi. Bu ish imi-jimida qolib ketmadi. Demokratiya va sotsializm uranning ikkita qarama-qarshi massasidek bir-biriga yaqinlashganda shunaqa portlash hosil bo‘lardiki, uning oldida Chernobil ip esholmay qolardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:44:40
Gorbachyov G’arbga juda ham manzur bo‘lib qolgandi. Gorbachyovning avvalgi salaflaridan hech kim bu qadar ochiq ko‘ngil va samimiy bo‘lmagandi.

Uning hamma safarlarida xotini hamroh bo‘lardi (Stalin xalqaro maydonda o‘zi paydo bo‘lgandan ancha avval xotini Nadejdadan mosuvo bo‘lgan edi, Xrushchyovning xotini Nina Petrovna odamlar davrasida kamdan-kam namoyon bo‘lardi. Brejnev o‘zining Viktoriya Petrovnasini ostona hatlab ko‘chaga chiqishiga yo‘l qo‘ymas edi. Andropov masalasiga kelsak, G’arb jurnalistlari uning xotini bor-yo‘qligidan, umuman, bexabarmiz deb ishontirishardi. Andropovning dafn marosimida xotinini ko‘rgandan keyingina, uning uylangan ekaniga ishonch hosil qilishdi). Ammo Raisa Maksimovna boshqacha ayol edi. U G’arb davlatlarining poytaxtlarida yonida «Amerika — Ekspress» qarz yorlig‘i bilan jamiki zargarlik magazinlariga va antiqa buyumlar do‘konlariga qiron keltirib yelib yuribdi. U 70 ming funt-sterlingga xuddi Margaret Tetchernikiga o‘xshash isirg‘a buyuradi, u kimoshdi savdosida Faberjening pasxa oltin tuxumi bezagini xarid qiladi — butun dunyodan bu kimoshdiga yetib kelgan puldor antiqasevarlar og‘zi ochilganicha qolaveradilar. (Faberjening oltin tuxumi chindan ham juda noyob narsa. Atoqli rus zargari bunaqa durdona buyumlardan imperator xonadonining buyrug‘i bilan bor-yo‘g‘i bir necha dona yasagan, xolos. Bahosi ham o‘ziga yarasha — 2,5 million dollar!) Raisa Maksimovna Dior va Kardenni buyurtmalariga ko‘mib tashlaydi. Bu ikki atoqli modeler o‘z tarixlarida birinchi marta buyurtmaning umumiy qimmati qancha ekanini muxbirlarga aytishdan bo‘yin tovlashadi; «Buyurtmachining xohishi shunaqa, bu savdo-sotiq ishining siri», deb bahona qilishadi. Ammo yo‘qni yo‘ndiradigan jurnalistlar bu «sir»ni soliq tizimi orqali bilib oladilar. Yetti hadli son ekan. Ovrupo gazetalari bu raqamni qizil bo‘yoqlarda har harfi bir qarich keladigan sarlavhada bosishadi. Kiyim-kechakka shuncha sarflaydigan Gorbachyovlar xonadoni ovrupoliklar nazarida birdan katta salmoq kasb etib ketdi. (Nomenklaturaning, uning ketidan esa butun aholining G’arb latta-puttasiga nihoyasiz ishtiyoqi yaqqol oshkor bo‘ldi-qoldi. Xuddi shu mushtarak ishtiyoq «Partiya va xalq —yakdildir» degan mashhur shiorni tasdiqlovchi birdan-bir dalil edi. G’arbning tonnalab lash-lushi va latta-puttasi Marks, Lenin, Stalin g‘oyalarini majaqlab, loyga qorib tashladi.) Ha, Gorbachyov o‘z partiyasiga va’da qilganidek, G’arb unga qarz beradigan bo‘ldi, ammo oz-ozdan va muayyan ishlar uchun beradigan bo‘ldi.

«Ozod qilib bo‘ldik», — deb ishontiradi Gorbachyov.

Unga ro‘yxat ko‘rsatishadi — unda juda nari borsa, bitta mahbusga adashilgan.

Qayoqdan kelib qoldi bu ro‘yxatlar? KGB qayoqqa qarayapti?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:45:50
Biroq lagerlarda temir darvozalar ochila boshlagan edi, Chernobildagi portlash ularni, umuman, oshiq-moshig‘idan chiqarib tashladi. Sobiq siyosiy mahbuslarning qudratli oqimi mamlakatning ijtimoiy hayotiga kelib qo‘shildi. Bu oqim yo‘l-yo‘lakay saflarini qaytadan tartibga keltirib, yangidan uyusha boshladi. Ular hamisha nafratga sazovor tuzum bilan hisob-kitob qiladigan fursat yaqinlashayotganini his qilar edilar.

Mamlakat esa o‘lim to‘shagida — talvasada yotardi. 30 mingdan ortiqroq odamning yostig‘ini quritgan, yarim million odamni boshpanasiz qoldirgan Armanistondagi dahshatli zilzila Chernobildan keyin o‘lganning ustiga chiqib tepgandek bo‘ldi. Bu zilzila ham mamlakatdagi hukmron partiyaning sho‘rlik yurt boshiga yomg‘irdek yog‘ilayotgan halokatlar-u boshqa kulfatlar seliga butunlay befarq ekanini yana bir bor namoyish etdi.

AQSh va NATOning bahaybat harbiy-transport samolyotlarini qora «Gerkuleslar» deb atashadi. Ular, aslida, sovetlarning harbiy tahdidi paydo bo‘lgan hududlarga «tez harakat qiladigan» Amerika harbiy qismlarini olib borishga mo‘ljallangan. Bu gal shu samolyotlarga to‘ldirib oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmonlar ortishdi. Ular Moskva, Minsk, Yerevan va boshqa katta shaharlarning aerodromlariga birin-ketin qo‘na boshladilar. Ular halok bo’lib borayotgan mamlakat aholisi chekayotgan azob-uqubatlarni jinday bo‘lsa-da yengillatish istagida kelishgan edi. Agar «Gerkuleslar»ga nima ortilganini bilmasa, amerikaliklar raqib mudofaasining orqa tomoniga desant tushirish bo‘yicha juda katta operatsiya o‘tkazyapti, deb o‘ylash mumkin edi. Amerikaliklar Ikkinchi jahon urushi vaqtlarida unaqa operatsiyalar o‘tkazishning ko‘p mashqini olgan edilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:46:10
Nima, Uchinchi jahon urushi boshlandimi?

Boshlandi. Odatdagidek, mamlakatimiz uning boshlanganini bu gal ham payqamay, yana dog‘da qoldi. Dushmanning bunaqa keng ko‘lamda «bostirib kirishi» bir narsani ko‘rsatdi: juda katta yadroviy qudratga ega bo‘lgan dunyodagi eng katta armiya haddan tashqari nochor ekan. Dunyodagi hamma mamlakatlarning tanklarini jamlaganda Sovetlar armiyasining tanklarichalik kelmaydi. Bu armiya quruqlikda, dengizda joylashgan va samolyotlardan uchiriladigan raketalarga ega. Nihoyat, bu armiya kosmik aloqa tizimiga va lazer quroliga ega. Hatto, ana shunday armiya ham mutlaqo fayzsiz va layoqatsiz bo‘lib chiqdi. Bu armiyadan Amerika samolyotlarining yukini tushirishda foydalanish mumkin edi, xolos.

Prezident Taft aytgan eski rejaning yakunlovchi qismini amalga oshirish boshlandi. Bombalar va zambarak o‘qlari o‘rniga dollar zarba berib, qolgan-qutgan qarshilik o‘choqlarini ham kunpayakun qilib, o‘zi uchun hali bosib olinmagan yangi bozorni egallamoqda edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:47:34
Xo‘sh, bizning jonajon partiyamiz-chi?

Televizor ekranlaridan butun mamlakatga Chernobil bolalari mo‘ltirab tikiladi. Ularning yuzlari horg‘in, ko‘zlari mungli, butun qiyofalarida mahkumlik muhri bor. Televizor ekranlarida arman bolalari. Ular yiqilgan uylarning vayronalari ostidan chiqarib olingan yoki Bokudan olib kelingan. Bokuda ularning ko‘zlari o‘ngida ota-onalarini o‘ldirishdi. Bular — rus bolalari. Ular qahraton qish chillasida issiq kiyimlarsiz, qorni to‘yib ovqat yemay, yirtiq chodirlarda yashamoqdalar. Ularning ota-onalari qonli qirg‘inlar tufayli issiq uylarini tashlab qochishga majbur bo‘lishgan. Vrachlarning ko‘zlarida ojizlik alami — dori-darmon yo‘q, bir marta ishlatiladigan shpritslar yo‘q, kiyim-kechak yo‘q. Bolalarni qutqaring — ular mamlakatning kelajagi.

2000 dollar shpritsga bering!

G’arb dorilariga 3000 dollar bering. Bolalarni shu dorilar asrab qolishi mumkin.

Bu bolalarni Germaniya, Gollandiya va Angliya klinikalarida davolanishga jo‘natish uchun 5000 dollar bering.

Bering, bering, bering...

G’arb firmalaridan javob bor. Ular pul o‘tkazishyapti, ko‘ngilli vrachlarni jo‘natishyapti, xususiy xayriya jamg‘armalarini safarbar qilishyapti, bemor bolalarni va boshiga kulfat tushganlarni AQSh va Ovrupoga olib ketish uchun mablag‘ ajratishyapti. Ammo bu mablag‘larga bolalar o‘rniga allaqanday xunuk basharali oliftalar chet elga ketyapti. Yo Chernobil bolalari shularmikin?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:48:05
Ayni shu paytda Eski maydon ichkarilarida quyidagi hujjatlar ko‘zdan kechirilardi:

«Mutlaqo maxfiy.                               
P 180/74 14.1.87.
Hindiston Kompartiyasi rahbariyatining iltimosi haqida.
1. Hindiston Kompartiyasi rahbariyatining iltimosi qondirilsin va partiya qurilishi ehtiyojlari uchun 1 million 258 ming 890 rupiy ajratilsin.
2. SSSR Davlat bankiga (o‘rt. Pavlovga) o‘rt. Zagladinga yuqorida ko‘rsatilgan miqdordagi pulni maxsus maqsadlarda ishlatish uchun ajratilsin.
3. Pulni Kalkutta bankidagi Hindiston Kompartiyasi hisobiga o‘tkazilsin.
KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi — Gorbachyov M. S.
KPSS Markazqo‘mi ish boshqaruvchisi — Kruchina N. Ye.»

«Mutlaqo maxfiy.                               
P 159/48 30.1.87.
Daniya Kompartiyasi rahbariyatining a’zosi o‘rt. Yensenning iltimosi haqida.
1. Daniya Kompartiyasi rahbariyatining a’zosi o‘rt. Yensenning inflyatsiya munosabati bilan partiya byudjetini qoplash uchun 357 ming 941 daniya kroni berish haqidagi iltimosi qondirilsin.
2. SSSR Davlat bankiga (o‘rt. Pavlovga) mazkur miqdordagi pulni maxsus maqsadlarga sarflash uchun o‘rt. Zagladinga ajratib berish topshirilsin.
3. Pulni yetkazib berish KGBga topshirilsin. KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi – Gorbachyov M. S.
KPSS Markazqo‘mi ish boshqaruvchisi — Kruchina N. Ye.»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 18 Sentyabr 2012, 15:48:47
«Mutlaqo maxfiy.                             
P 157/251 03.02.87.
AQSh Kompartiyasi Bosh kotibi o‘rt. Xollning iltimosi haqida.
1. AQSh Kompartiyasi Bosh kotibi o‘rt. Xollning AQSh Kompartiyasining bo‘lajak yubileyi uchun 500 ming dollar ajratish haqidagi iltimosi qondirilsin...»

«Mutlaqo maxfiy.                             
P 161/491 11.02.87.
IKP rahbariyatining a’zosi o‘rt. Kosubaning iltimosi haqida.
1. Italiya Kompartiyasi rahbariyatining a’zosi o‘rt. Kosubaning shaxsiy sarf-xarajatlarini to‘lash haqidagi iltimosi qondirilsin va unga 633 ming 765 lira (85 ming dollar) ajratilsin...»

«Mutlaqo maxfiy.                             
P 166/611 13.02.87.
Marokash Kompartiyasining rahbariyati a’zosi o‘rt. Ali Yataning iltimosi haqida.
1. Marokash Kompartiyasi rahbariyatining a’zosi o‘rt. Ali Yataning iltimosi qondirilsin va unga partiya matbuoti ehtiyojlarini qoplash maqsadida 548966 kilogramm qog‘oz sotib olish uchun 1 million 870 ming 762 dirham 85 santin ajratilsin».

«Mutlaqo maxfiy.                             
P 181/373 18.02.87.
Misr Kompartiyasi rahbariyatining a’zosi o‘rt. Sayidning iltimosi haqida.
1. Misr Kompartiyasi rahbariyatining a’zosi o‘rt. Sayidning iltimosi qondirilsin va davolanish uchun unga 25 ming dollar ajratilsin...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 19 Sentyabr 2012, 22:19:57
Qarib qolgan Gromikoning o‘rniga Tashqi ishlar ministri bo‘lgan Eduard Shevarnadze juda istarasi issiq, kelishgan, xushbichim. Turgan-bitgani «yangicha tafakkur odami» ekanidan dalolat berib turibdi. U Gorbachyov borgan mamlakatlarga uning ketidan safar qilib, xushmuomalalik bilan qo‘shimcha qarzlar berishlarini iltimos qiladi. Kansler Kolning moviy ko‘zlari, Prezident Mitteranning dono tabassumi, Margaret Tetcherning mayin latofati, Prezident Bushning kovboylarniki singari to‘poriligi. Biz Rossiya (SSSR tushunchasi kamdan-kam hollarda noxushgina qo‘llanadi) islohotlar va demokratik qayta qurishlar yo‘liga turib olishi uchun ko‘maklashishga rozimiz. Lekin sizlarda ish juda sust ketyapti. Holbuki, sivilizatsiyali yashash tarziga olib boradigan yo‘l juda oson va ravondir. So‘z erkinligi. Ko‘p partiyalilik. Davlatni boshqarish tizimlarini xalqning xohish-irodasi bilan, ya’ni erkin saylovlar yordamida amalga oshirish, xususiy tadbirkorlik erkinligi. Jo‘nroq qilib aytganda, savdo erkinligi. Erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta yordamida iqtisodiyotni jahon bozoriga jalb qilish, hammasi juda oson. Aytgancha, sizlar qarzga pul so‘raysizlar-u, o‘zlaring «xalq demokratiyasi mamlakatlari» deb atalgan mamlakatlarni boqishga milliard-milliard pul sarflaysizlar. Sizlarga chin yordamimiz shu bo‘la qolsin — biz o‘sha mamlakatlarni boqishni zimmamizga olamiz, bo‘shagan mablag‘ni esa sizlar ichki islohotlaringga sarflaysizlar.

«Sharqiy Ovrupodagi armiyamiz-chi? Uning ahvoli nima bo‘ladi?»

«Armiyangiz kimga xalaqit beryapti. Yigitlar bemalol kazarmalarda o‘tiraversinlar. Hech narsaga aralashmasin. Agar istasanglar, armiyangizni boqishni ham zimmamizga olishimiz mumkin. Vaqtincha, albatta. Asta-sekin amerikaliklar ham, sizlar ham qo‘shinlaringizni Ovrupodan olib chiqib ketasizlar, qarshi turish o‘rniga hamkorlik shiorini e’lon qilasizlar».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 19 Sentyabr 2012, 22:21:04
«Ammo armiyani olib chiqsak, uni joylashtiradigan joyimiz yo‘q. Askarlar uchun kazarmalar yo‘q, harbiy xizmatchilarning bolalari uchun maktablar, bog’chalar yo‘q».

«Yo Parvardigor-ey! 70 yil mobaynida nima qilgansizlar o‘zi? Yaxshi, buning muammolik joyi yo‘q. Biz ofitserlaringiz uchun ham, ularning bola-chaqalari uchun ham uy-joy va maktablar qurib beramiz».

«Ammo Afg‘onistondan ham armiyani olib chiqish kerak-da. Ha, imkoni boricha tezroq. Siz aytayotgan gaplarning hammasi to‘g‘ri, ammo rejalashtirilayotgan tadbirlar juda katta xarajatni talab qiladi».

«Qancha?»

«Uch yarim milliard dollar. Dastlabki paytlarda...» Xorijda bir gal Mixail Gorbachyov, hatto, Dizraelidan parcha keltirdi. Buni eshitgan G’arb jurnalistlari hang-mang bo‘lib qoldilar. Lenin kamdan-kam nasib bo‘ladigan bo‘sh vaqtlarida Gegel asarlarini nemis tilida o‘qib huzurlanar edi. Stalin Makiavellini jonidan ortiq yaxshi ko‘rardi. Mixail Sergeevich esa, o‘z so‘zlariga qaraganda, Valentin Pikul romanlarini o‘qib mazza qilardi. Lekin Pikuldan emas, Lenindan parcha keltirardi. Buni ko‘rib, uning Siyosiy byurodagi hamkasblari ancha xotirjam tortardi.

«Sotsializm ko‘proq bo‘lsin! - deb dalda berardi Bosh kotib bir oz dovdirab qolgan o‘rtoqlariga. - Yo‘limizni Leninga qarab to‘g‘rilab olamiz. Lenin NEPni joriy qilganida nima degan edi?»

«U bunday degan edi, o‘rtoqlar: «Bu juda jiddiy va uzoqqa ketadigan ish». Xo‘sh, Stalin nima qildi? U Lenin g‘oyalarini buzdi, rasvo qildi. U kazarma sotsializmini qura boshladi. Bu nimaga olib keldi, o‘rtoqlar? Nimaga olib kelganini o‘zlaring ko‘rib turibsizlar».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 19 Sentyabr 2012, 22:21:54
Aslini olganda, SSSRda, Lenin asarlarini boshdan-oyoq o‘qib chiqqanman, deya oladigan uch-to‘rtta odam topilmasa kerak. Birinchidan, shuning uchunki, Vladimir Ilich asarlarining chorak qismi maxfiy hisoblanadi. Bu asarlarni o‘qishga muayyan odamlarga ijozat beriladi, biroq bu odamlar ularni hech qachon o‘qimaydi. Ularga o‘qishning qizig‘i yo‘q. Agar bordi-yu, sen oshkora nashr qilingan 55 jildni chuqurroq o‘qib, uqmoqqa kirishsang, loaqal boshlang‘ich partiya tashkilotining kotibi ham bo‘lolmaysan. Juda nari borsang, jinnixonaga tushasan. Professional xodimlar uchun maxsus «Lenin to‘plamlari» nashr qilinardi. Ularda hozirgi daqiqada partiya turmushi uchun zarur bo‘lgan Lenin g‘oyalarining mohiyati ifodalanardi. Ba’zan ana shu to‘plamlar bo‘yicha nomenklatura uchun mashhur «lenincha sinovlar» o‘tkazib turilardi. (Bunaqa voqealar Stalin davrida ham, Andropov davrida ham bo‘lgan.) Umuman, bu to‘plamlar ma’lumotni oshirish uchun emas, balki har xil ma’ruzalarda foydalanish uchun tavsiya qilinardi. Ma’lumki, bunaqa ma’ruzalar Lenindan olingan parcha bilan boshlanib, yana shunaqa parcha bilan xotimalanishi kerak edi. Parchalar qancha ko‘p bo‘lsa, ma’ruza shuncha yaxshi hisoblanardi. Axir Lenin nomenklatura ahlining har birining qalbida edi. Shunday bo‘lgandan keyin ular Leninni o‘qib nima qiladi? Lenin Kautskiy yoxud Martov bilan nima masalalarda kelishmaganini aniqlashga nima hojat bor? Ularning har bittasi shuni yaxshi bilardiki, «Leninning ta’limoti yengilmasdir, chunki u to‘g‘ridir».

Lenin nima degan edi? Otishni kengroq qo‘llang, degan edi. Har galgidek, to‘g‘ri aytgan edi. Otishni qo‘llamay qo‘yishgan edi — mana, oqibat. Hech kim ishlamay qo‘ydi. Hamma mitingda baqirib-chaqirishga tushdi.

Lenin doimiy ravishda nimalardan ogoh bo‘lish kerakligini aytib ketgan. Buni ularning har biri yaxshi biladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 19 Sentyabr 2012, 22:22:34
«Bizning partiyamizni va sotsializmni halok qilishi mumkin bo‘lgan va halok qilayotgan narsalar quyidagilardir:

1. Ko‘p partiyalilik va burjuacha soxta demokratiya.
2. Savdo erkinligi (Lenin obrazli qilib ifodalagan edi — «U har qanaqa Kolchagu Denikinlardan ko‘ra xavfliroqdir»).
3. Oshkoralik.
4. So‘z erkinligi, matbuot va majlislar erkinligi».

Gorbachyov bu gaplarni juda yaxshi bilardi. Ammo bu gaplarni undan ham ko‘ra partiyaning bosh mafkurachisi Vadim Medvedev yaxshiroq bilardi. Bir vaqtlar u KPSS tarixi kafedrasining professori bo‘lgan. Shuning uchun xizmat taqozosiga ko‘ra Leninning asarlarini o‘qigan. Jumladan, uning «Sotsialistik musobaqani qanday uyushtirmog‘imiz kerak?» va «Sovet hokimiyatining navbatdagi vazifalari» degan asarlarini o‘qigan. Sirasini aytganda, Leninnnng qolgan hamma asarlarini ham maxfiylashtirib qo‘ya qolganda chakki bo‘lmasdi. Keragi yo‘q ularning. Odamni chalg‘itadi, xolos. Ziddiyatli fikrlari ko‘p. Lekin Lenin ta’limotining asoslarini aniq esda saqlash mumkin.

Gorbachyov nima qilmoqchi bo‘lyapti o‘zi? Partiyani halok etmoqchimi? Sovet hokimiyatini yo‘q qilmoqchimi? Leninning ulug‘ ishini ko‘kka sovurmoqchimi?
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 19 Sentyabr 2012, 22:23:31
Erkin saylovlar degani nimasi? Sovetlar qurultoyi degani nimasi? Lekin Gorbachyovning hiqildog‘idan olib bo‘lmaydi-ku? Bu na hamisha hadiksirab yuradigan Medvedevning qo‘lidan keladi, na kekirdagini cho‘zaveradigan kaltafahm Ligachyov buni eplaydi. Gorbachyov, aslini olganda, demokrat. Hech kimga baqirib-chaqirmaydi, hech kimga qarshi avtomobil halokatlarini uyushtirmaydi, hech kimni ajalidan besh kun burun go‘rga jo‘natmaydi. U — ko‘ngilchan va samimiy. U Siyosiy byuro va Markazqo‘mdagi muxolifatni ko‘rib turibdi, ammo uning fikricha, bu yangi tafakkur sharoitida oddiy plyuralizmdan o‘zga narsa emas. Qo‘rqadigan joyi yo‘q. O’rtoqlar tushunishmayapti — mamlakatda tushunib bo‘lmaydigan qo‘sh hokimiyatchilik tuzumi maydonga keldi. Aytaylik, viloyat qo‘mitasi kotiblari va sho‘rolarning raislari. Mohiyatan olganda, qo‘sh hokimiyatchilik yo‘q, albatta, sho‘rolar partiya tashkilotining quyi bosqichidan biri bo‘lib qoldi, xolos. Lekin, baribir, yaxshi emas-da! Erkin saylovdan maqsad sho‘ro raislari o‘rniga ham partiya kotiblarini o‘tkazishdir. Axir, qanday ajoyib-a? Sen ham Birinchi kotib, ham sho‘roning raisi bo‘lsang. Hech kim g‘iring deyolmaydi. Biroq Birinchi kotibni Markazqo‘m tayinlaydi, sho‘roga esa saylov orqali o‘tiladi. Muqobil nomzod asosida. Nega yuraklaring taka-puka bo‘lib ketdi, o‘rtoqlar? Hamma narsa o‘z qo‘linglarda-ku! Hokimiyat ham, ommaviy axborot vositalari ham, huquqni himoya qilish organlari ham. Nahotki. saylovdan qo‘rqsanglar? Xo‘p, yaxshi. Oliy Sovetda KPSS uchun yuzta joyni olib qolamiz. Nomzodlar ro‘yxat bilan muqobil nomzodsiz shundoq o‘taveradi. Men sizlar uchun yaxshi bo‘lsin deyapman. Leninga orqa qilishning hojati yo‘q. Vladimir Ilich nima deb ogohlantirganini sizlardan yomon bilmayman. Tashvish qilishning hojati yo‘q. Eng muhimi — boshlab olish, chuqurlashtirish kerak. Hammasi joyiga tushib ketadi, jarayon yurishib ketadi. (Bu paytga kelib Gorbachyov ilgari suyub gapirib yuradigan «chunki u boshlab beradi» degan ibora yo‘q bo‘lib ketdi. Ma’lumki, Gorbachyov 1987 yilda SSSR Oliy Sovetining raisi ham bo‘lib olgan edi. Uning majlislarida raislik qilganda tez-tez: «Prezidiumga maktub tashlamanglar, o‘rtoqlar!» - deb xitob qilib turardi.)

Gorbachyov tushunarli qilib xotirjam gapirardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 19 Sentyabr 2012, 22:24:49
Saylovlar bo‘ldi. Uni zo‘r-bazo‘r erkin saylov desa bo‘lardi. Unda KPSS sharmandalarcha mag‘lubiyatga uchradi. Bu mag‘lubiyat partiya ichida katta g‘avg‘oni boshlab berdi. Gorbachyov hech qanaqa bahonayu sabablarni qabul qilmadi. Sizlar Birinchi kotiblar bo‘la turib, saylovlarda o‘z g‘alabalaringni uyushtira olmagan ekansizlar, bilasizlarmi, o‘rtoqlar, buning oqibati yomon! Demak, sizlar xalq bilan chinakam aloqaga kirisha olgan emassizlar. Esingizdami, Lenin nima degan edi? «Xalq — bu...» Mayli, Lenin nima deganining unchalik ahamiyati yo‘q. Eng muhimi shundaki, bu sizga ham, bizga ham saboq bo‘lsin.

Bosh kotibning hamma nutqlaridan kelib chiqadigan xulosa bitta edi: modomiki, siz sho‘ro saylovlarida o‘z g‘alabangizni uyushtira olmagan ekansiz, siz Birinchi kotiblikka ham yaramaysiz. Birinchi kotiblar ilojsiz qolgan edi, negaki allaqachondan beri ularning o‘rniga Ikkinchi kotiblar o‘qrayib ko‘z tikib turishardi. Bir hamla bilan Birinchi kotiblarning 85 foizi mansabidan judo bo‘ldi, ular o‘rinlarini Ikkinchilarga bo‘shatib berishdi. «Ikkinchilar inqilobi», deya hayqirdi matbuot zaharxandalik bilan.

Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 19 Sentyabr 2012, 22:25:38
Bu orada Moskvaga chaqirilgan Sverdlov viloyat qo‘mitasining Birinchi kotibi Boris Yeltsin Moskva shahar qo‘mitasiga keldi. Dasti uzun Grishin allaqayoqqa g‘oyib bo‘ldi — uni jildirish, hatto, Andropovning ham qo‘lidan kelmagandi. Yeltsin shahar qo‘mitasini tor-mor eta boshladi. Nomenklatura g‘alayonga keldi. U Gorbachyov huzurida bir necha bor ayyuhannos solib, Butunittifoq partiya konferentsiyasini chaqirtirishni talab qildi. Eng so‘nggi marta partiya konferentsiyasi urushdan avvalgi yillarda chaqirilgan edi. Gorbachyov e’tiroz bildirmadi: konferentsiya deyapsizlarmi? Mayli, chaqiraylik konferentsiyani. Yaqindagina Birinchilarning o‘rnini egallagan Ikkinchilar hali gumonsirab, tevarak-atrofga olazarak boqishadi, Bosh kotibga qarshi og‘iz ochishga jur’at etishmaydi. Siyosiy byurodagilarning ko‘piga ishonsa bo‘ladi — Shevarnadze, Yakovlev, a’zolikka nomzod Yeltsin. Markazqo‘mda — Razumovskiy, Volskiy, Falin, Dzasaxov — bular pand berishmaydi, chunki hamma gapni to‘g‘ri tushunishadi.

Gorbachyov xokkey komandasining kapitani va o‘ynovchi treneri, asosiy to‘p urari va o‘yinni boshqaruvchisi sifatida goh Yeltsin va Shevarnadze bilan inoq bo‘lib qolar, goh ularni qoldirib, Kryuchkov, Yazov va Pugo bilan birga raqib darvozasi tomon tashlanar, goh ancha vaqtgacha maydonni butunlay tark etib, Reygan va Kol bilan maslahatga otlanar, goh yana Yeltsin bilan inoqlashardi-da, uni maydondan chiqarib yuborgan bo‘lar, keyin uni boshqa bir vazifada yana maydonga qaytarardi. Xullas, u juda mohir va beqiyos o‘yinchi edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:03:43
Bu orada aksilkommunistik inqilob Sharqiy Ovrupodagi qo‘g‘irchoq tuzumlarni butunlay supurib tashladi. Sudsiz va tergovsiz otib tashlangan eru xotin Chausheskularning qorda yotgan jasadi KPSSga rahbarlik qilgan Bosh kotiblar ichidagi eng donosi va eng makkorining gapiga quloq solishni istamaganlar uchun dahshatli saboqday ko‘rinardi. Berlin devori quladi va Germaniya birlashib ketdi. Rangi qum o‘chgan Erix Xonneker xalq g‘azabidan qochib, sovet harbiy bazalaridan biriga yashirinib ulgurdi. GDR xo‘jayini rosa o‘ziga bino qo‘ygan odam edi, u hatto, Berlin bankida o‘z hisobida yotgan pullarni xorijga o‘tkazib yuborishga ham ulgurmadi. Yaxshiyamki qadrdon do‘sti sadoqatli Yosir Arofat bor ekan — u o‘zining samolyotida o‘sha sovet bazasiga qo‘ndi va Xonnekerga bir chemodan dollar keltirib berdi (Albatta, bu pul ham SSSRdan chiqqan). Yosir Arofat anoyilik bilan Sharqiy Germaniyaning sobiq dohiysi bu pullardan g‘arbiy bosqinlarga qarshi partizanlar urushini, xaloskorlik janglarini boshlash uchun foydalansa kerak, deb o‘ylagan edi. Xonneker pulni «yo‘q» demay oldi, lekin o‘sha zahotiyoq uni Chilidagi qizining hisobiga o‘tkazib yubordi. Tuzukroq bir uy sotib olsin dedi, shekilli. Chunki Xonnekerning o‘zi so‘nggi 30 yil mobaynida shohona qasrlarda yashab o‘rganib qolgan edi-da.

Kuni kecha turmada o‘tirgan chex dessidenti Gavel qo‘qqisdan Chexoslovakiyaning prezidenti bo‘lib qoldi. Avval u hammollik qilardi, prezident bo‘lishi bilan kompartiyani taqiqlab, xavfsizlik organlarini tugatdi.

Gdansk kema quruvchi zavodida elektrik bo‘lib ishlagan, «Solidarnost»ga asos solgan va uyushtirgan, Yaruzelskiy boshchiligidagi harbiylar hukumati tomonidan hibsga olingan tinib-tinchimas Lex Valensa ham Polshaning prezidenti bo‘ldi, kompartiyani tarqatib, quvib yubordi, kommunistlarni mulkdan mahrum qildi.

Bolgariyada Todor Jivkov rasman qamoqqa olindi. U kompartiyaning rahbari va davlat boshlig‘i edi. Uni poraxo‘rlikda, g‘aznani talon-toroj qilishda, davlatga qarshi faoliyatda ayblashdi.

Budapeshtda erkin saylovlar arafasidayoq, kommunistlarning o‘zi tumtaraqay qochib ketishdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:05:28
KPSS qarshisida ham hayot-mamot ko‘ndalang bo‘lib qolgandi.

Gorbachyov esa Moskvada ketma-ket amerika, ingliz, fransuz va yapon biznesmenlarini qabul qilib yotibdi. Kengashlar, xufiya uchrashuvlar, nonushtalar, ziyofatlar. Jurnalistlarning qiyin-qistoviga tushib qolgan biznesmenlar mujmalgina javoblar berishadi. Ular «sovet tomonining» takliflari qiziqarli va foydali bo‘ladi, degan gapdan nari o‘tishmaydi. Gorbachyov esa jurnalistlarni boshqa gapga ishontirmoqchi bo‘ladi — bu muzokaralarda gap qarz haqida ketgani yo‘q, balki o‘zaro foydali, birgalikdagi faoliyat masalalari muhokama qilindi. Shunday deydi-da, yana G’arbga jo‘navoradi.

Bu orada sovet qo‘shinlari o‘n yillik qonli va hech kimga keragi yo‘q urushdan keyin Afgonistondan olib chiqiladi. 10 yil mobaynida ular bir milliondan ortiqroq afg‘onni o‘ldirdilar, 3 million odamni mamlakatdan qochishga majbur qildilar, ammo, baribir, orzu qilgan g‘alabalariga erisha olmadilar. Armiya tishlarini g‘ijirlatib, istamaygana, o‘z talafotlari haqida xabar beradi: 15 ming odam o‘lgan, 60 ming kishi yarador va mayib bo‘lgan. Allaqancha ofitser bilan askar dushman qo‘lida asirlikda, lekin asirlarning aniq sonini hech kim bilmaydi. Bu raqamlarga hech kim ishonmaydi — ular kamida uch baravar kamaytirilgan deb hisoblaydilar. Lekin shunday bo‘lsa-da, shu raqamlarni asos qilib oladilar. Ulug‘ Vatan urushi yillarida ham shunday bo‘lgan edi — avvaliga «urushda 7 million odam qurbon bo‘ldi» degan Stalinning gapi asos qilib olingandi, o‘shandan beri bu raqam 20 millionga chiqdi — har yili 2 milliondan qo‘shilib turadi. Armiyaning Afg‘onistondan chiqishi juda tantanavor bo‘ldi. Chegara ko‘prigida musiqachilar marsh chaladi, tanklarda va jangovar mashinalarda Qizil bayroqlar hilpiraydi. Ko‘prikdan eng keyin 40-armiyaning qo‘mondoni general-leytenant Gromov o‘tadi. Bu general «Magistral» degan jinoyatkorona operatsiyani amalga oshirgani uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. Uni sudga berish o‘rniga general-polkovnik darajasi bilan siylaydilar. Darhol ma’lum bo‘ladiki, afgon faxriylarini vatanida hech kim kutmayotgan va ular jinoyat dunyosining ahlidan boshqa hech kimga keraksiz ekanlar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:06:34
Bu orada Mixail Sergeevich navbatdagi xorijiy safaridan qaytib kelib, SSSRda prezident boshqaruvi joriy qilmoqchi ekanini aytadi. Tabiiyki, prezidentlik lavozimiga yakka-yu yagona nomzod sifatida o‘zini ko‘rsatadi. SSSRning boshqalardan kam joyi bormi? Hamma mamlakatda prezident bor, bizda ham bo‘lsin-da! Buning nima keragi borligini hech kim tushunmaydi. Ba’zi bir andishasizlar piching qilishadi: prezident bo‘lib nima qilardi, bir yo‘la imperator bo‘lib olavermaydimi? Umumxalq saylovi haqida hech kim lom-mim deb og‘iz ochgani yo‘q. Gorbachyovni s’ezdda deputatlar saylashadi. Shunday qilib, u SSSRning birinchi (va so‘nggi) prezidenti bo‘lib oladi, lekin KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibligi lavozimini ham o‘zida qoldiradi. Oliy Sovetning raisligini esa eski qadrdoni (juda ham sadoqatliday ko‘ringan), universitetda birga o‘qigan do‘sti Anatoliy Lukyanovga topshiradi. Xo‘sh, nima ro‘y berdi? Hammasi juda oddiy bir gap edi — Gorbachyov jonajon partiyasidan imi-jimida qutulib, prezident bo‘lib oldi. Markazqo‘m qa’rida, yo‘laklar va kabinetlarda anchadan beri zaharli ilonday bir fikr aylanib qolgan edi: hozirgi Bosh kotib ishonchni oqlamadi. Zudlik bilan Plenum chaqirib, uni almashtirish kerak. E-e, almashtiravermaysizlarmi? Ammo-lekin saylab qo‘yilgan prezidentni almashtirib ko‘ringlar-chi? Ovora bo‘lasizlar.

Shu daqiqadan boshlab partiyaning taqdiri hal bo‘lgan edi.

Gorbachyov prezident bo‘lib ulgurmay, butun mamlakat bo‘ylab KPSSni sud qilish va mulkini tortib olish zarurligi haqidagi xitoblar yangray boshladi. Hatto, SSSR Konstitutsiyasining 6-moddasini bekor qilish talablari borgan sari baland ohanglarda aytildi. Bu moddada KPSS mamlakatning birdan-bir siyosiy hukmdori sifatida tasdiqlab qo‘yilgandi.

Gorbachyov hozircha o‘z partiyasini uzil-kesil tashlagani yo‘q. U KPSSdagi tashkiliy ishlarni muovini Ivashkoga oshirgan bo‘lsa-da, hamon Bosh kotib sifatida deyarli cheklanmagan hokimiyatga ega edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:09:18
Sadoqatli Kruchina ham avvalgidek haftada ikki marta maxfiy va mutlaqo maxfiy partiya hujjatlarini ko‘tarib uning huzuriga kelishda davom etmoqda:

«Mutlaqo maxfiy.                                             
04.12.89.

Partiya mulki muammolari to‘g‘risida.

Mamlakatdagi siyosiy jarayon rivoji, ko‘p partiyalilikning shakllanishi partiya faoliyatini moddiy ta’minlash masalasini yangicha qo‘yishni taqozo etmoqda. Sovet pulida ham, xorijiy valyutada ham moliyaviy mablag‘larning barqaror manbalarini yaratish kerak. KPSS xalqaro aloqalarining moddiy zamini ana shunga bog‘liq. Zarur hollarda xorijiy kompartiyalarga loaqal ozgina yordam ko‘rsatishga qobil bo‘lamizmi-yo‘qmi, bu ham shunga bog‘liq. Holbuki, Sharqiy Ovrupo kompartiyalarining saboqlari shundan dalolat bermoqdaki, partiya mulkini savdo-sotiq faoliyati talablariga mos ravishda rasmiylashtirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, bu partiya uchun muqarrar tarzda juda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, bozorga o‘tish sharoitida partiya mulkini normal oborotga jalb qilishni o‘ylamoq kerak. KPSS uchun xavfli belgilar hozirdayoq namoyon bo‘lmoqda. Biz ishni boshidan boshlamog‘imiz kerak. Partiya o‘rganmagan sharoitda ish olib borishga to‘g‘ri keladi. Shunisi ham borki, bir qator hollarda KPSS bilan bevosita aloqasini sir tutishga majbur bo‘lgan ayrim firmalardan foydalanishda ma’qul bir darajada xufiyona ish yuritishga to‘g‘ri keladi. Aftidan, asosiy maqsad shundan iborat bo‘lishi kerak-ki, partiyaning mavjud mulkini kommertsiyalashtirish barobarida puxta reja asosida «yashirin» partiya iqtisodiyoti tizimlarini yaratib borish kerak. Bu tizimda tor doiraga mansub shaxslarning ishlashiga yo‘l qo‘yiladi. Ularni KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi yoki uning muovini belgilaydi...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:11:05
Gorbachyov Kruchinaga mahliyo bo‘lib qarab qoladi. O’rtoqlar yangicha fikr qilishyapti. To‘g‘ri fikr yuritishyapti. «Partiya butun mamlakat bilan birga bozorga kirib bormog‘i kerak. Lenin nima degandi-ya shu masalada? Ha, «Savdo qilishni o‘rganish kerak». Eng muhimi — boshlab yuborish, jarayon yurishib ketadi. Hozir bu ishga jalb qilinadigan o‘rtoqlar ro‘yxatini aniqlaymiz, Ivashko, Shinen, Falin, Dzasoxov, Luchinskiy, Mananenkov, Velelkov. Bundan tashqari Ivashko ham o‘z ixtiyoriga ko‘ra mutaxassislarni jalb qilsin. O’rtoq Kryuchkovning idorasida ko‘pgina xalqaro iqtisodchilar ishlaydi. Ular juda katta yordam berishlari mumkin. Ie, bunisi nima bo‘ldi yana?»

«Joylarga yuborish uchun mutlaqo maxfiy ko‘rsatma. Unga Ivashko viza qo‘ygan. Endi siz imzo chekishingiz kerak. Partiya mulkini undan kommertsiya maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini aniqlash nuqtai nazaridan inventarlashtirishdan o‘tkazish kerak; ayni chog’da, hamma sherik partiyalardan tushgan kommertsiya bobidagi takliflarni ham «inventarlashtirish» kerak va tegishli partiyalar bilan maslahatlashib olish lozim. Uncha yirik bo‘lmagan, chaqqon harakat qiladigan, o‘zini-o‘zi qoplaydigan xo‘jalik tashkilotlari tuzishga kirishish kerak. Bunday tashkilotlar mavjud partiya mulki asosida tuzilib, qo‘shma korxonalar, hissadorlik jamiyatlari shakliga ega bo‘ladi. Ularda «do‘stona» firmalar va sherik partiyalar ham ishtirok etishi mumkin...»

«Bularning hammasi juda soz. Ayniqsa, «do‘stona» firmalar degani zo‘r. Lekin bunaqa hujjatlarga Ivashkoning o‘zi imzo chekaversin. Mening boshqa ishlarim to‘lib-toshib yotibdi. Yana nima bor?»

«Do‘stona» firmalar masalasiga kelsak, keyingi paytlarda biz ulardan ancha qarz bo‘lib qoldik. O’rtoq Falin bu masalada ma’ruza tayyorlagan».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:11:33
«Shuni eslatamanki, «do‘stona» firmalar deganimiz bevosita va bilvosita o‘zlari joylashgan mamlakatlardagi kompartiyalarga mansubdirlar. Ular KPSSning xalqaro faoliyatida muhim kanal hisoblanadi. Bularning hammasidan tashqari, bu firmalar bizga G’arb tovarlarini ham yetkazib berib turadilar. Ular bizning tashqi siyosat bobidagi turli vazifalarimizni ba’zan vositali yo‘llar bilan, ba’zan esa bevosita bajarib turishadi... «Do‘stona» firmalarga taalluqli masalalarni zudlik bilan hal qilish zarur. Chunki ularning chigallashgan moliyaviy ahvollari sinish xavfini boshdan kechirayotganlari do‘stona partiyalarning yashash tarzini buzadi, ularning bundan keyingi mavjudligiga chinakam xavf tug‘diradi... Hozirgi paytda SSSR Tashqi iqtisodiyot banki quyidagi firmalarga million xorijiy valyuta so‘mi hisobida quyidagicha pul o‘tkazgan:

IT — «Kommersio» (Portugaliya) — 4,4
«Metalkim» (Portugaliya) — 0,3
«Numerika» (Portugaliya) — 0,6
«Globus» (Avstriya) — 0,8
«Land-of-Folk» (Daniya) — 0,3
OPF (Fransiya) — 0,3
«Plambank» (FRG) — 0,1
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:12:06
Hozirgi paytda sovet tashqi savdo tashkilotlari bergan ma’lumotlarga qaraganda «do‘stona» firmalarga muddati o‘tib ketgan qarzlarimiz miqdori quyidagicha (million xorijiy valyuta pulida):

«Interneshenel Trayding» (Yaponiya) — 0,6; OPF (Fransiya) — 0,4; «Teti Editori», «Editori Rieniti», «Amilkara Pitstsa», «Ksilon» (Italiya) — 1,9; «Globus» (Avstriya) — 2,2; «Pergamon Presso» (Angliya) — 0,5; «Drukxauz Norden», «Dastim», «Loxer», «Barch Interneshenel» (FRG) — 0,4; «Koopi» (Shveytsariya) — 0,1; «Avante» (Portugaliya) — 0,2; «Land-of-Folk» (Daniya) — 0,3; «Vig-Tryuk» (Shvetsiya) — 0,1; «Piplz Deyli Uords» (AQSh) — 0,1; «Unita» (Italiya) — 0,05; «Morning Star» (Angliya) — 0,1; «Rizospastis» (Gretsiya) — 0,1; «Kraus» (Avstriya) — 24,6; «Papandopulos» (Gretsiya) — 3,7; «Agaliu» (Gretsiya) — 2,0; «Fidas» (Gretsiya) — 1,5...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:12:46
Gorbachyovning ko‘zlari toliqib, jimirlab ketdi. U ro‘yxatdan yana ikki varag‘iga tezgina ko‘z yugurtirib chiqadi-da, Kruchinadan so‘raydi: «Hammasi qancha?»

«Valyutada 60 million 350 ming so‘m», — deb javob beradi ish boshqaruvchisi.

«Nima ishkali bor? To‘langlar».

«Ishkali shundaki, bu pullarni partiya mablag‘idan emas, davlat byudjetidan to‘lash kerak. Tashqi iqtisod bankida esa pul yo‘q. Davlat bankida ham yo‘q».

«Pul yo‘q degani nima degani?»

«Davlat byudjetida defitsitimiz juda katta. Banklar pul to‘lashdan bosh tortayaptilar».

«Yaxshi, — deydi prezident. — Men Gerashchenko bilan gaplashib ko‘raman. Hal qilamiz».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:13:50
Mamlakat bo‘ylab esa Gorbachyovning o‘z so‘zlari bilan aytganda, «suverenitetlar paradi» sodir bo‘lmoqda. Gorbachyovning qilig‘i yuqumli chiqib qoldi. Respublika kompartiyalarining hamma sobiq birinchi kotiblari prezident bo‘lishni xohlab qolishdi. Faqat ular emas, Rossiya tarkibidagi muxtor respublikalardagi Birinchi kotiblar ham prezident bo‘lgilari kelib qoldi. Ular mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar mohiyatini darrov ilg‘ab qoldilar. Yillar mobaynida o‘z respublikalarini so‘rib yotgan bu odamlar bemalol harakat qilishlari uchun Moskvaga juda katta o‘lpon to‘lab turishga majbur edilar. Ular Kremlga va Eski maydonga kelib xorliklar ko‘rishar, «yuqorida» Andropovga o‘xshagan serjahl, qattiqqo‘l, orqa-oldiga qaramay hammayoqni olatasirga olaveradigan bironta katta paydo bo‘lib qolmasin, deb doimo xavotirda yurishardi. Hozir esa bemalol mustaqil bo‘lib olish, markazga qaramlikdan qutulish, o‘zing «xon» bo‘lib, ko‘lankangni maydon qilib, kayf-safo surish imkoniyati tug‘ilib qoldi. Siyosiy byurodan imi-jimida Aliev g‘oyib bo‘ldi. Shevarnadzega ham Tashqi ishlar vaziri lavozimi malol kela boshladi. U endi tez-tez diqqat bilan Tbilisiga nazar tashlaydigan bo‘ldi. Bu chog‘larda Tbilisida ham hamma joydagi kabi aksilkommunistik sho‘rishlar avjida edi. Ha, hali bu yerga qaytishga bir oz fursat bor.

Respublika kompartiyalarining «milliy mustaqillikka» o‘tish jarayonlarida tabiiy ravishda «yaxshi tayyorlangan va mablag‘ bilan ta’minlangan ashaddiy millatchilik» hollari ro‘y berdi. Bu millatchilik bevosita qo‘shnilarga ham, «rus okkupantlariga» ham qarshi yo‘naltirilgan edi.


Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:14:47
Vahshiy qirg‘inlar Kavkaz va O’rta Osiyoda kuchaygandan-kuchaydi. Moldovada moldavanlar bilan ruslar o‘rtasida otishma boshlandi. Hatto, Boltiqbo‘yi respublikalarida ham ruslarga qarshi ashaddiy kampaniya boshlandi. To‘g‘ri, bu kampaniyada hozircha qurol ishlatilgani yo‘q. Respublikalardan rus qochoqlari Rossiyaga oqib kela boshladi. Rossiyada esa ularning hech kimga keragi yo‘q edi. Qochoqlar uy-joylarini, molu-mulklarini tashlab, «vatanlari»ga qashshoq, och va yarim yalang‘och holda kelgan edilar. Ularni ta’minlay oladigan odam chiqmadi. Ularning farzandlarining o‘qishi uchun maktab yo‘q edi. O’zlariga esa boshpana ham, ish ham topilmadi.

Hamma ommaviy axborot vositalarida barcha rus kishilariga murojaat qilib, mislsiz kulfatga uchragan vatandoshlariga yordam berishga chaqirildi. «Kim qancha imkoni bo‘lsa, pul o‘tkazsin», deb hisob raqamlari ma’lum qilindi. Lekin hech kimda pul yo‘q edi. Yangi uylar, maktablar, bolalar bog‘chalari qurish, yangi ish joylari paydo etmoq uchun millionlab pul kerak edi. Ishga Xalqaro Qizil Xoch jamiyati aralashdi, qochoqlar uchun buyumlar, hatto, olis Kongodan ham kela boshladi. Bundesverning yuk mashinalarida oziq-ovqat, palatkalar, issiq kiyimlar keldi. Amerika, ingliz, fransuz va hatto, Isroil samolyotlari xuddi qurshovga tushib qolgan o‘z armiyalarini ta’min qilayotganday, kechayu kunduz tinimsiz uchib turishdi. Shukur qilingki, bunaqa uchishlar vaqtida ularni hech kim urib tushirmadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:16:05
Bu orada maxfiy iltimoslarni ko‘rib chiqish davom etaverdi.

«Mutlaqo maxfiy.                               
P 145/78 07.01.90
FKP (Finlyandiya) rahbariyatining a’zosi o‘rt. Sipsiloning iltimosi to‘g‘risida.
1. FKP rahbariyatining a’zosi o‘rt. Sipsiloning iltimosi qondirilsin va unga partiya qurilishi ehtiyojlari uchun 1 million 298 ming 307 fin markasi ajratilsin... »

«Mutlaqo maxfiy.                               
P 196/31 09.01.90
Hindiston Kompartiyasi rahbariyatining iltimosi haqida.
1. Hindiston Kompartiyasi rahbariyatining iltimosi qondirilsin va unga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun 2 million dollar ajratilsin...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:16:31
«Mutlaqo maxfiy.
12.01.90

Siyosiy muhojirlarga xarajatlar haqida.

Shu yil 1 yanvargacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, SSSRda 6643 ta siyosiy muhojir va ularning xorijdan kelgan oila a’zolari istiqomat qiladi. Ular ham muhojirlarga tenglashtirilgan... SSSRda istiqomat qiluvchi ba’zi bir atoqli xorijiy arboblar ham siyosiy muhojirlar toifasiga tenglashtirilgan. Bu arboblar KPSS Markazqo‘mining tashabbusi bilan qabul qilingan qarorlar asosida SSSRda istiqomat qiladi... Ularga moddiy yordam ko‘rsatib turiladi va ijtimoiy muammolarni hal qilishda (turar-joy, dala- hovlilari berishda, avtotransport va xizmat ko‘rsatuvchi odamlar bilan ta’minlashda) ko‘maklashib turiladi. Bu maqsadda sarflanadigan pullarning umumiy miqdori oyiga 1,5 million so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, KPSS Markazqo‘mining qaroriga muvofiq, partiya byudjetidan Ivanovo shahridagi  Ye. D. Stasova nomidagi baynalmilal internat maktab ham mablag‘ bilan ta’minlab turiladi. Bu maktabda siyosiy muhojirlarning va xorijiy kommunistik harakat arboblarining bolalari o‘qiydi. Siyosiy muhojirlar va ularning oila a’zolarining dam olishi hamda davolanishi uchun mo‘ljallangan «Do‘stlik» sanatoriysi ham mablag‘ bilan ta’minlanadi. Bu maqsadlarga sarflanadigan xarajatlar 1989 yilda 5,5 million so‘mni tashkil qildi. Mazkur mablag‘lar davlat byudjetidan olindi...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:17:42
Respublikalarda xalq jabhalarining vujudga kelishi KPSSni juda tashvishga solib qo‘ydi. Rossiyada ham shunga o‘xshash tashkilotni barpo etishga urinishlar bo‘ldi, ammo partiya buni xohlamas edi. Bunaqa jabhani antisemitizm yo‘liga burib yuborish uncha qiyin emasdi, ammo bu yo‘l bilan millat g‘ayratining ko‘p qismi behuda sovuriladi.

Ko‘cha-ko‘ylarda qora kiyim kiygan guruhlar saf tortib yura boshladi. Ba’zilar chor ofitserlarining mundirlarini kiyib olishdi. Ularning ko‘kraklarida allaqaylardan topilgan Georgiy nishonlari jiringlardi. Qo‘llarida qamchi, yonlariga qilich osgan kazak suvoriylari maydonga tushdi. KGB hali tirik edi, ammo bolsheviklar partiyasi mohiyatiga ko‘ra batamom yangi jangovar otryadlar tuza boshladi.

Ularning hammasi «Sionizmga yo‘l yo‘q!» degan otashin xitoblarni ko‘tarib olishgandi. Ularning qo‘lida avliyo Georgiy Muzaffarning surati ham bor edi. Unda avliyo Georgiy ajdarga nayza sanchib turgani tasvirlangandi: ajdarning boshi o‘rnida esa Dovud payg‘ambar yulduzi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:18:21
«Sionizm nima?» — degan savolga juhudlarga qiron soluvchilarning hammasi bir ovozdan: «Bu — demokratiya», — deb javob berishdi. KPSS Mafkura bo‘limining bundan ortiqroq biron narsa o‘ylab topishga kuchi yetmadi. Shu bilan bir qatorda podshoparast tashkilotlar bolalab ketdi. Ular ikki boshli burgutlar tasvirini, so‘nggi imperator suratlarini ko‘tarib olib, ulug‘ knyaz Vladimir Kirillovich siymosida Romanovlar taxtini tiklashga chaqiruvchi xitoblarni aytishdi. Mamlakatni uzoq o‘tmishga qaytarish boshlangan ekan, bu na mamlakatning, na xalqning kelajagi yo‘qligini ko‘rsatadi.

Kelajagi bo‘lmasa-bo‘lmasin. Keragi yo‘q. Bu Eski maydondagi xayolparastlarga juda ma’qul edi.

KPSS mamlakatdagi ahvolni sinchiklab kuzatib turardi. Milliy respublikalarda sodir bo‘layotgan jarayonlar, muqarrar tarzda, SSSRning parchalanib ketishiga va halokatiga olib kelishi aniq bo‘lib qoldi. Shunda KPSS juda qiynalib, iztirob chekib bo‘lsa-da, yangi bir tashkilotni — Rossiya Kommunistik partiyasini vujudga keltirdi. Yangi partiya ham o‘zining Bosh kotibiga ega edi. Bosh kotib — Ivan Polozkov bo‘ldi. Avval u Krasnodar o‘lka qo‘mitasining Birinchi kotibi bo‘lib ishlagandi. Bu partiya ham o‘zining Siyosiy byurosiga va RKP Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasiga ega edi. Hammasi qoidaga binoan. Lekin hamma ham yangi partiyani tan olmadi. Chunki birinchi qarashda, bu partiyaning tuzilishi KPSSning parchalanib ketganini bildirardi. Holbuki, RKP KPSSning bozor munosabatlariga sezilarli g‘ovlarsiz osongina kirib olishiga yordam berish maqsadida tuzilgan edi. Yangi kompartiyaning Markazqo‘mi va Siyosiy byurosi a’zosi Viktor Tyulkin to‘g‘ridan-to‘g‘ri s’ezd minbaridan shunday dedi: «R» harfini talaffuz etolmaydigan odamgina RKPning tuzilishiga qarshi bo‘lishi mumkin!» Ya’ni Tyulkin yahudiylarni aytyapti. S’ezdda ishtirok etayotgan KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi va SSSR Bosh ministri Nikolay Rijkovdan Tyulkinning bolshevikcha murosasizlik bilan aytgan gapini sharhlashni iltimos qilishdi. Bosh ministr alamli tarzda qo‘llarini ikki yoniga yozdi: «Bu dahshat... Lekin iloj qancha?»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:23:53
Darhaqiqat, biror ish qilishning iloji qolmagan edi.

1990 yil 13 mart kuni mamlakat Konstitutsiyasining 6-moddasi bekor qilindi —
KPSS SSSRning yagona mafkuraviy-siyosiy rahbari sifatidagi maqomini yo‘qotdi.
Partiya o‘zining siyosiy hukmronligidan voz kechdi. Nomenklaturaning hozirgi ahvoli uning joniga tegib ketgani uchun bu hol ro‘y berdi. Marksizm-leninizm uning me’dasiga urdi, axir uning imkoniyatlari tag-tugi bilan ishga solinib bo‘lgan edi. G’oya tugay boshladi, endi undan ortiq foyda yo‘q edi, aksincha, u borgan sari xatarli bo‘lib bormoqda edi.

Endilikda biror-bir demokratik jamiyatda burjuaziya bo‘lib olmoq ma’qulroq ko‘rinadi. Negaki, bunaqa jamiyatda hokimiyat yana puldorlar qo‘lida, lekin demokratik qonunlar va xususiy mulkning ustuvorligi erkinroq, badavlatroq va bexavotirroq tirikchilik qilish imkonini beradi.

Gorbachyovning qayta qurishidan keyin nomenklaturaning oyog‘i G’arbdan uzilmay qoddi. Nomenklatura u yerdagi hayotni ko‘rib amin bo‘ldiki, u SSSRda shuncha vaqtdan beri o‘z xalqiga qarshi urush qilib yurib, o‘zi uchun yaratgan turmush sharoiti G’arbdagi o‘rtacha burjua hayotidan, ba’zan esa ishchining turmushidan ham pastroq. Magazinlarni-ku gapirmay qo‘ya qolsa ham bo‘ladi. Arkanzas shtatining allaqaysi bir burchagidagi istalgan qishloq do‘koni eng oliy darajadagi maxsus taqsimlagichdagiga qaraganda ko‘proq va sifatliroq tovarlarga ega. Holbuki, bu taqsimlagichga, hatto, nomenklatura a’zolarining ham hammasi kiritilavermaydi. Hamma uchun bunday taqsimlagich o‘ziga xos o‘rnak bo‘lib xizmat qilardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:24:34
Partiya Konstitutsiyaning 6-moddasidan juda vaqtida voz kechdi. Ammo mamlakatda «demokratiya tomir yoyib ketgani»ga qaramay, KPSSdan boshqa hali bironta ham siyosiy partiya yo‘q edi. Partiya apparati hamon katta kuchga ega edi, u hamon KGB bilan armiyani boshqarar, milliy boyliklarga xo‘jayinlik qilar, aloqa vositalari va ommaviy axborot vositalari hamon uning nazoratida edi. Mamlakatda bironta siyosiy guruhning ana shu qudratli kuchga qarama-qarshi turishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Mamlakatda hali KPSSning xo‘jalik yoki moliyaviy faoliyatini bir qolipga soladigan bironta qonun bekor qilingani yo‘q edi. Bu esa KPSSga o‘z raqiblarini osonlik bilan yo‘ldan olib tashlashga va bozorga partiyaviy bayroqlarini hilpiratib, tantanavor kirib borishga imkon berdi. Konstitutsiyaning 6-moddasi bekor qilingan kunning o‘zida Eski maydondagi teletayplar quyidagi maxfiy shifrogrammani jo‘natdilar:

«13. 02. 1990. KPSS Markazqo‘mi fevral (1990) plenumining yakunlari bilan bog‘liq ravishda partiya faoliyatining ba’zi bir huquqiy jihatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida.

KPSS Markazqo‘mi plenumi SSSRda ko‘p partiyali tuzumga o‘tish mumkinligini e’tirof etgandan keyin, aftidan, yaqin kunlarda yangi partiyalarni tuzish boshlanadiganga o‘xshaydi. KPSS Markazqo’mining hamma huquqlarni belgilashga taalluqli qarorlarini inventarizatsiya qilish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Huquqiy masalalarni bir qolipga solishda muayyan kemtiklarni to‘ldirish zaruriyati tug‘ilib qolsa, yangi qonunlar chiqarishni taklif qilish huquqiga egaligimizdan foydalanish kerak yoki tegishli takliflarni SSSR Ministrlar Sovetiga kiritmoq lozim... Partiyadan uning mulkini olib qo‘yish haqidagi talablar kuchayishi mumkinligini ham nazardan soqit qilish mumkin emas. Bu mulk, birinchi navbatda, partiya qo‘mitalariga, KPSSning boshqa tashkilotlari va muassasalariga berib turiladigan imoratlari, nashriyotlar, bosmaxonalar, dam olish uylari, sanatoriylar va ijtimoiy sohaning boshqa ob’ektlari, transport vositalari va hokazolar bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan shoshilinch sur’atda bir qator tadbirlar o‘tkazib, KPSSning yuqorida zikr qilingan mulkka egalik qilish huquqini mustahkamlash zarur... KPSS Markazqo‘mi, ittifoqdosh respublikalar kompartiyalari Markazqo‘mi va qator boshqa partiya qo‘mitalari ixtiyorida maxsus aloqa vositalari (jumladan, shifroaloqa, VCh, hukumat aloqasi liniyalari) mavjud. Kechiktirmagan holda ulardan foydalanish asoslari va tartiblari masalasini ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi... Bundan tashqari, partiya faoliyatini axborot bilan ta’minlab turish muammolari, partiya sirlarini saqlash, KPSS rahbarlarini (oliy davlat mansablarini egallab turmaganlarni), KPSS imoratlarini, ittifoqchi respublikalar kompartiyalari Markazqo‘mlari, boshqa partiya muassasalari binolarini qo‘riqlash masalalarini ko‘rib chiqish zarur deb hisoblaymiz. Shuni e’tiborga olish lozimki, yangi sharoitda bu ishlarga SSSR KGB organlarini jalb qilish maqsadga muvofiq emasdir».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:26:34
Ammo hozircha KGB hali jonajon partiyaning ixtiyorida. Hozircha undan juda unumli foydalansa bo‘ladi. KGB polkovnigi Veselovskiy kutilmaganda KGB raisining muovini general Bobkovning huzuriga chaqirildi. Veselovskiy KGBning Birinchi Bosh boshqarmasida (tashqi razvedka) xizmat qilar va g’oyatda noyob faoliyat bilan shug‘ullanardi. U ko‘p yillar mobaynida kompartiyaning faoliyati ham, o‘zi ham qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan mamlakatlarga borib turardi. Veselovskiy bunday mamlakatlarda yashirin holatdagi partiyalar uchun tirikchilik qilishga imkon beradigan oshkora iqtisodiy manbalar barpo etar va SSSRdan kelgan yoxud oddiy talonchilik yo‘li bilan to‘plangan yashirin partiyaviy jamg‘arma pullarini halollab olish yo‘llarini ishlab chiqardi. Oshkora partiyalar-ku hech qachon o‘z mamlakatlarining qonunlari bilan hisoblashishni istagan emas. Yashirin kompartiyalar esa, umuman, hech qanaqa qonunni tan olmagan. Ular qurol ham olib sotaverganlar, giyohvand moddalar va qullar savdosi bilan shug‘ullanishgan, fohishalardan, qimorxonalardan, ko‘chada savdo qiladigan mayda chayqovchilardan, fermerlardan cho‘tal undirib turishgan. Qo‘ying-chi, ular hech narsadan hazar qilishmagan. Lekin ular qo‘lga tushib qolganlarida ahvollari juda nochor bo‘lardi. Masalan, Fransiyaga o‘xshagan mamlakatlarda misi chiqqan kommunistlarni sud va qonun himoya qilishi mumkin edi, lekin kommunistlar qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan mamlakatlarda ular bilan pachakilashib o‘tirmasdilar. Temir g‘o‘lalar bilan nozik joylariga urishar yoki timsohlar boqib qo‘yilgan hovuzlarga uloqtirib yuborishardi. Boshqalarga ibrat bo‘lsin uchun.

Veselovskiy o‘zini tajribali iqtisodchi deb hisoblardi (tabiiyki, ilmiy darajasi ham bor edi), o‘zining hamsinf do‘stlariga yashirin moliyaviy-iqtisodiy tizimlar barpo etishga yordam berardi. Bu tizimlar ularning qo‘lga tushib qolmay, bexavotir ishlashlarini ta’minlashi kerak edi. Endi Veselovskiy chet ellarda to‘plangan tajribasini o‘z yurtida qo‘llashi zarur edi. General Bobkov KPSS rahbariyatidan o‘rtoq Ivashko va o‘rtoq Kruchinaning iltimosiga muvofiq hamda Kryuchkov bilan kelishilganiga binoan u, ya’ni polkovnik Veselovskiy, KPSS Markazqo‘miga Ishlar boshqarmasiga ishga o‘tkazilayotganini aytdi. Bu yerda polkovnik xo‘jalik xizmatlarining iqtisodiy faoliyatini markazlashtirish sektori mudiriga muovin bo‘ladi. Partiya askari unga ishonib topshirilgan har qanday lavozimda ham askar bo‘lib qolaveradi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:28:21
KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi o‘z faoliyati mobaynida pul xarjlashni juda yaxshi o‘rganib olgan edi, ammo bu yerda hech kim pul ishlab topishni bilmasdi, albatta. Shuning uchun Veselovskiyga o‘xshash mutaxassislarni yordamga chaqirishga qaror qilishdi. Bu hech kimni xijolat qilgani yo‘q. Aslini olganda KPSS o‘zining butun faoliyati davomida mohiyati e’tibori bilan yashirin tashkilot bo‘lib qolavergan edi. U butun ishlarini hammadan sir tutardi. KPSS o‘z shon-shuhratining eng yuksak cho‘qqilariga ko‘tarilgan kezlarda ham biron hujjatni, masalan, Moskvada nechta abort qilingani haqidagi hujjatni «mutlaqo maxfiy» degan muhr bilan chiqarmasa, obro‘siga putur yetadi, deb hisoblardi. Mana shunday xulq-atvor tufayli g‘ayriqonuniy barpo etilgan nomenklatura mulkining hamma yozilmagan (va yozilgan) qonunlari vujudga kelardi.

Veselovskiy undan nima kutishayotganini yaxshi anglab oldi. O’zining g‘oyatda boy xorijiy tajribasidan foydalangan polkovnik odatdagicha qonunlarga osongina chap berib, tez orada Kruchinaga tahliliy maktub tayyorlab berdi. Bu maktubga partiyaviy uslubning eng yaxshi an’analariga mos tarzda shunday deb sarlavha qo‘yilgandi:

«Partiya mulkidan foydalanishni mustahkamlash va samarador qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:28:45
Maktubda shunday gaplar ham bor edi:

«... Moliyaviy hujjatlarda aksini topgan pul mablag‘larini oshkora tarzda faqat jamoatchilik, ijtimoiy yoki xayriya jamg‘armalariga o‘tkazishi mumkin. Shunday qilinsa, kelgusida ularni musodara qilish qiyinlashadi. Partiya kassasiga daromad tarzida kelib tushadigan va moliyaviy hujjatlarda aks ettirilmagan mablag‘lar ayrim kompaniyalar, korxonalar, banklar jamg‘armalarining anonim aktsiyalarini xarid qilish uchun sarflanishi kerak. Shunday qilinsa, bir tomondan, partiyaning keyingi ahvoli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, barqaror daromad ta’minlanadi, ikkinchi tomondan esa, bu aktsiyalar istagan daqiqada jamg‘arma birjalarida sotuvga chiqarilishi mumkin. Undan keyin esa, sarmoyani boshqa sohalarga xarjlash mumkin bo‘ladi. Bundan maqsad — partiyaning ishtirokini pinhona tutib, nazoratni saqlab qolishdir... Mazkur tadbirlarni joriy etish uchun zudlik bilan alohida ishonchga sazovor odamlarni tanlab olish talab qilinadi. Bu odamlarga dasturning ayrim moddalarini bajarish topshiriladi. Shuningdek, xufiya partiya a’zolari toifasini barpo etish ham e’tibordan soqit qilinmaydi. Ular istalgan favqulodda sharoitda partiya faoliyatini ta’minlashga kirishadilar».

Bu gal o‘z mamlakati ichiga tashlangan tajribali xufiya razvedkachining fikrlari sodda va dohiyona edi. Ularni o‘qib, Kruchina zavqlanib ketdi. Azbaroyi xursandligidan, shu zahotiyoq KPSS Markazqo‘mi tipografiyasiga quyidagi tilxatdan 50 ming nusxa bosib chiqarishni buyurdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:29:23
«KPSS oldida shaxsiy majburiyat.

Men,...,..., yildan KPSS a’zosi, partiya bileti â„– ... mazkur tilxat bilan tasdiqlaymanki, ko‘ngilli tarzda partiyaning ishongan odami bo‘lishga qaror qildim. Partiyaning ishongan odamlari toifasiga mansubligimni oshkor qilmagan holda partiya tomonidan ishonib topshirilgan vazifani istagan mansabda va istagan sharoitda ado etaman. Menga ishonib berib qo‘yilgan moliyaviy va moddiy mablag‘larni asrashga va partiya manfaatlari yo‘lida tejab-tergab sarflashga va’da beraman. Partiya jamg‘armalari yo‘lida iqtisodiy faoliyat ko‘rsatish mobaynida ishlab topgan hamma mablag‘ni partiyaning mulki deb tan olaman va istagan vaqtda hamda istagan joyda ularni topshirishni bo‘ynimga olaman. Menga ishonib bildirilgan ma’lumotlarni juda qat’iy tarzda sir tutishga va’da beraman va vakil qilingan shaxslar tomonidan menga yetkazilgan partiya topshiriqlarini bajarishni bo‘ynimga olaman.


KPSS a’zosining imzosi...
Majburiyatni qabul qilib olgan shaxsning imzosi ...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:29:41
Ustiga qiyshiq qilib yashil chiziq tortilgan majburiyat qogozlari bir xil emas edi. Ularning ba’zi birlari ruscha yozuvda, ba’zilari esa lotincha harflarda bosilgandi. Hatto, arabcha yozuvda yoxud yaponcha ieroglifdagilari ham bor edi. Nikolay Kruchina ularning ba’zilariga shaxsan o‘zi ismlar, familiyalar va partbilet nomerlarini yozib qo‘ydi. Bularni yozar ekan, u tez-tez qalin daftariga qarab olardi. Uning hamma sahifasi nomerlangan, ip o‘tkazilib, surg‘ich muhr bilan muhrlangan edi, sarlavhasi esa «qat’iyan maxfiy»ligini ko‘rsatadigan har xil yashil, qizil, binafsharang muhrlar urilaverilib, o‘qib bo‘lmaydigan holga kelgandi. Holbuki, KGBning xufiyasi — polkovnikning fikrlari baland parvoz etmoqda edi.

«Gap soliq bobidagi qonunchiligi yumshoqroq bo‘lgan biror kapitalistik mamlakatda, masalan, Shvetsiyada axborot-vositachilik faoliyatining hamma turlari bilan shug‘ullanuvchi hissadorlik jamiyati tuzish haqida bormoqda (treyding, brokeraj, vositachilik, vakolatxonaga o‘xshash).

Hissadorlar — ishonchli shaxslar. Boshlang‘ich bosqichda bo‘lg‘usi hissadorlarning ro‘yxatlari aniqlanadi. Hissadorlik jamiyatlari o‘rnashishi taxmin qilinayotgan banklarda hissadorlar nomiga hisob ochiladi va ularga tegishli miqdorda pul qo‘yiladi. So‘ngra Sovet Ittifoqi hududida darhol qo‘shma korxona tuziladi. Hissadorlik jamiyati daromadining katta qismi (boshqarmaning qarori bilan) dividend sifatida hissadorlarga to‘lanishi mumkin. Yuqorida qayd qilinganidek, hissadorlar sovet tashkiloti — muassis (KPSS) ishongan shaxs. Shunday qilib, dividendlardan keyingi foydalanish yo‘llari sovet tomonidan belgilanadi. Ayni chog’da bu shuni anglatadiki, partiyadan boshqa hech qaysi tashkilot yoki xususiy shaxs bu mablag‘lardan foydalanish ustidan hech qanday nazorat o‘rnatolmaydilar...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:30:35
Boshqacha aytganda, Veselovskiy xalqaro hissadorlik jamiyatining butun bir tarmog‘ini barpo etishni taklif etmoqda edi. Ular «do‘st» firmalarning o‘rnini egallashi kerak. Keyingi paytlarda bu firmalar o‘z-o‘zidan kamayib ketyapti, ularga ishonch qolmayapti. Veselovskiy partapparatchilar yashirin iqtisodiyotning murakkab masalalarini darrov uqib olmasalar kerak, deb o‘ylagan ko‘rinadi. U o‘z asarlarini Kruchinaga yo‘llar ekan, unga kichkina bir maktubchani ilova qilishni ham lozim topibdi. «N. Ye. (Nikolay Yefimovich)! Sizga ishonib, 1 nusxada. Agar dastur amalga oshirilsa, uni faqat KGB bilan amalga oshirish kerak». Nima balo, shuncha olamshumul qallobliklarni ro‘yobga chiqargan Kruchina bu ishlarini aziz-avliyolarning hamkorligida qilganmidi? Aytish kerakki, tajribali polkovnik bir narsani taxmin qilaman desa hamma asosga ega edi: KPSS butun jahon miqyosida o‘ziga xos jahon inqilobi deb atasa arziydigan bunaqa o‘yinlarni boshlar ekan, bu o‘yinlarga KGBning qudratli raqiblari Amerika Markaziy razvedka boshqarmasi va Isroilning «Mossad»ini ham jalb qilishiga shubha yo‘q edi. Ammo polkovnik Veselovskiy o‘zi bilishi kerak bo‘lgan narsanigina bilar, qolganlari to‘g‘risida esa faqat taxmin qilar edi.

Umumiy gaplardan aniq ishga ko‘char ekan Veselovskiy «Seabeko-grupp» degan shveytsar-kanada firmasi bilan va Afg‘oniston Faxriylari uyushmasi bilan birgalikda ko‘p qirrali hissadorlik kompaniyasi tuzishni taklif qildi. Mamlakatning turli mintaqalarida bu kompaniya tarkibida banklar tizimi, aviakompaniya, xalqaro savdo uyi, xususiylashtirish jamg‘armasi, Xolding kompaniyalari tarmog‘i bo‘ladi. Bu loyihaning muddatini polkovnik 50 yil deb belgiladi. Tabiiyki, daromadning katta qismi KPSSga atalgan edi. Yangi partiya iqtisodiyotining «padari buzrukvori» o‘zining aynigan va badkirdor nazariy g’oyalaridan amaliy harakatga ko‘char ekan, keksa razvedkachining hissiyotlari bu gal ham uni aldamadi... Uch palubali hashamatli «Ledi Gislen» kemasi Bagam orollarining biri yaqinida oq to‘shi bilan moviy dengiz sathini yorib borar ekan, uning radistlari Robert Maksvell nomiga jo‘natilgan radiogramma qabul qildilar. Robert Maksvell ingliz milliarderi bo‘lib, juda ko‘p gazetalar, nashriyotlar va axborot markazlarining xo‘jayini edi. Ko‘p narsalar qatori shinam kema ham uniki edi.

Sirasini aytganda, radiogramma kelgan bo‘lsa, kelipti-da, buning biror-bir e’tiborga sazovor joyi yo‘q. Maksvell yoki «kapitan Bob» (uni yaqin do‘stlari va raqobatchi gazetalar shunday deb atashadi) maxfiy telegrammalar orqali dunyoning yarmi bilan muloqotda bo‘ladi. Ko‘p shifrlarning kalitini yoddan biladi. Bu galgi radiogramma juda qisqa edi: «Uchinchi reja bo‘yicha transfertni ta’minlang». Imzo yo‘q. Imzoning Maksvellga hojati ham yo‘q edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:31:22
Maksvell Slovakiyadagi qashshoq yahudiy qishlog‘idan chiqqan bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi yillarida ingliz razvedkasida xizmat qildi. Kapitan darajasiga ko‘tarildi. Urush tugagandan keyin «kapitan Bob» bir necha muddat Buyuk Britaniyada «Forin ofis»da xizmat qildi. O’sha yillarda G’arbning razvedkachi va diplomatik xizmatlari o‘rtoq Stalinning olamshumul xayoliy rejalari tafsilotlariga juda qiziqib qolishgandi. Bu rejaning ba’zi bir tomonlari temir parda orqali o‘tib, G’arbga ham yetib borgandi.

Iosif Vissarionovich o‘ziga bino qo‘ygan, dollarga qarshi zarba tayyorlamoqda edi. U imkoni boricha ko‘proq oltin to‘plab, unga juda katta miqdorda G’arb valyutasini sotib olmoqchi va uni dushman ustiga tashlamoqchi edi. Bu esa dollarning qadrini butunlay tushirib yuborar va G’arb iqtisodiyotini xarob qilardi. SSSRdagi tovarga bo‘lgan ehtiyoj bu rejani amalga oshirishga imkon bermasdi, albatta. O’rtoq Stalin bu rejalarining biror joyida xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lar va bu xato yo uning rejalarini chippakka chiqarar, yoxud mutlaqo noma’lum xomxayolga aylantirib qo‘yardi. Shunga qaramay, G’arb ancha tashvishga tushib qolgandi. Kapitan Bob ayni shu yo‘nalishda ishlar, xalqlar dohiysining moliyaviy rejalari haqida ko‘proq axborot to‘plashga harakat qilardi. Dunyodagi eng ayyor razvedka bo‘lmish ingliz razvedkasi bu borada qanday yutuqlarga erishganini aytib berish qiyin-u, lekin Robert Maksvell o‘z faoliyatining avj nuqtasida kutilmaganda iste’foga chiqdi va bor-yo‘g‘i 13 ming funt-sterlingga «Pergamon press» nashriyotini sotib oldi. KPSS Markazqo‘mi xalqaro bo‘limining mudiri o‘rtoq Falinning KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi o‘rtoq Gorbachyov nomiga yozgan axborotnomasida aytilganidek, bu nashriyot «do‘st» firmalar ro‘yxatida turar va Sovet Ittifoqidan 500 ming dollar undirib olishga da’vogarlik qilardi. 1961 yilga kelib, Maksvell xarid kilgan nashriyot 10,6 million dollarga baholana boshladi, 80-yillarda esa «kapitan Bob» juda katta nashriyot-axborot imperiyasining xo‘jayini bo‘lib qoldi. Besh qit’aning hammasida uning qarorgohlari bor edi. Rasman bu imperiya «Maksvell kommunikeyshen korporeyshn» deb atalar va u qo‘lini cho‘zsa, hatto Moskvaga ham bemalol yetardi. Moskvadagilar esa Maksvellni erkalatib, «London obkomining Birinchi kotibi» deb atashardi. SSSRda Maksvell iloji yo‘qday ko‘ringan bir ishni ro‘yobga chiqardi. Mustabid bir mamlakatda yahudiylarning Isroil va AQShga muntazam muhojir bo‘lib ketishlari yo‘lga qo‘yildi. Yana buning ustiga, Sovet Ittifoqi deb atalgan ulkan qamoqxonadan chiqib ketishga ko‘p vaqt mobaynida faqat yahudiylargina haqli edilar. (Yahudiylarning SSSRdan muhojirlikka ketish tarixi hali yozilmagan. U ko‘pgina sirli sahifalarga ega. Biror sho‘rlik yahudiy sartaroshga SSSRdan chiqib ketishga ruxsat bermay, 20 yillab ushlab turishlari mumkin edi. Chunki u bir vaqtlar armiyada mirza bo‘lib ishlagan va harbiy xizmatdagilarga kunlik ovqat normasini kamaytirish haqidagi maxfiy hujjatni ko‘rib qolgan ekan. Holbuki, 70-yillarning boshlarida, Amerikaga Isroil vizasi bilan bir guruh raketachi-injenerlar jo‘nab ketishgan. Ularning yarmi yahudiy emas edi. Amerikaliklar dengiz aviatsiyasiga ishonib, yaqin va o‘rta radiusda harakat qiluvchi taktik raketalar ishlab chiqarishda ancha orqada qolishgan edi. Uch yil ichida ular bu sohada SSSRdan o‘tib ketishdi. Holbuki, ular avvaldan hech qanaqa tekshirish va tadqiqotlar o‘tkazmagan edi. Quddus shahrida Maksvellni dafn etish marosimida Isroil hukumatining rasmiy vakili marhumning xizmatlarini sanar ekan, shunday dedi: «Robert Maksvell Isroilning xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘p ishlar qildi». Faqat Isroilning emas!)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:32:07
Bu hodisa Brejnev va boshqa sovet rahbarlarining asarlarini Maksvell ixtiyoridagi nashriyotlarda bosib chiqarila boshlanishiga to‘g‘ri keldi. Xuddi shu kezlarda G’arb banklari SSSRga qarz berishni ham jonlantirib yubordi. Ammo bu qarzlar SSSRda G’arbga chiqib ketayotgan zukkolar evaziga to‘lanayotgan haq edi, xolos. Partiya rahbarlari «asarlari»ning nashr etilishi esa juda g‘alati va ibratli bir ish bo‘lgan edi. Bu asarlar mamlakat ichkarisida qanaqa «zo‘r» tarqalganini aytmay qo‘ya qolaylik — har yili ularning million-million nusxalari hisobdan chiqarilib, makulaturaga topshirilardi. Biroq nima sababdandir hech kim, hech qachon bu «asarlar» G’arbda bozor sharoitida qanday tarqalishini surishtirib ko‘rgani ham yo‘q. Holbuki, ular G’arbda ham tuzukroq sotilgan emas. Ammo kitoblarning G’arbda chop etilishi bizning rahbarlarimizga «xorijiy valyutani qaerdan olgansizlar?» — degan savolga o‘nlab yillar mobaynida: «G’arbda bosilgan kitoblar uchun», - deb bir xil javob berishga imkon tug‘dirgan.

Bu ish quyidagicha amalga oshirilardi: Kreml Maksvellga qog‘oz va matbaa xarajatlari uchun jahon bozori baholarida haq to‘lar, kitoblar esa yo Moskvada, yo GDRda, yoxud Chexoslovakiyada valyutasiz hisob bo‘yicha bosilardi. Valyuta nomenklaturaning bank hisoblarida qolib ketar, uning 15 foizi esa Maksvell hisobiga o‘tardi. Nima uchun degan savol tug‘iladi. G’arbga pul o‘tkazishga imkon beradigan rasmiy kanalga niqob bo‘lib turgani uchun. Bu kanaddan milliard-milliardlab pul o‘tgan. «Kapitan Bob»ni muttahamlik uchun javobgarlikka tortilmasin, deb soxta hujjatlar rasmiylashtirib qo‘yilardi. Bu hujjatlarga ko‘ra yer yuzidagi jamiki mamlakatlardagi sovet elchixonalari kitoblarning hamma nusxasini valyutaga sotib olgan bo‘lardi. Kitoblar chindan ham elchixonalarga yetkazib berilardi. Elchixonalarning chordoqlari va yordamchi binolari bu kitoblarga to‘lib ketgandi. Elchixonalardagilar sochlarini yulardi-yu, ammo bir ish qilish qo‘llaridan kelmasdi. Ularga bu kitoblarni tarqatish topshirilgandi. Bu haddan tashqari og‘ir vazifa edi. Hayot isbot qildiki, bu — mutlaqo amalga oshirib bo‘lmaydigan ish ekan. Sayyoramiz xalqlarining hamma tillarida qayta-qayta nashr etilgan marksizm klassiklarining asarlarini aytmay qo‘ya qolaylik. N. S. Xrushchyovning «Tanlangan nutqlari» kitobidan Gorbachyovning «Yangicha tafakkur» kitobining nashrigacha hamma hujjatlar ko‘tarib qaralsa, g‘aroyib bir manzara hosil bo‘ladi: bu yillarda xorijiy kitobxon faqat magazinma-magazin yugurib yurib, ana shu «zo‘r» asarlarni xarid qilish bilan band bo‘lgan. Xarid qilganu shu zahotiyoq u kitoblarning yangi nusxalari chop etilishini talab qilgan.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:32:39
Maksvellning ko‘p qirrali faoliyati, albatta, bunaqa ikir-chikirlardangina iborat emasdi. O’zining G’arb banklari bilan aloqalaridan hamda bu banklardan ancha-munchasining aktsiyalariga egaligidan foydalanib, «kapitan Bob» vaqt-vaqti bilan dunyodagi birinchi «rivojlangan sotsializm» mamlakatning nomenklaturasiga «transfert operatsiyalari» yordamida valyuta ishlashga yordam berib turgan.

Bu operatsiyalarning mohiyati shundan iborat bo‘lganki, G’arbga naqd sovet pulidan juda katta miqdori dollarga sotilgan. Pul bosadigan stanok nomenklatura qo‘lida bo‘lib, naqd sovet puli masalasida hech qanday qiyinchilik tug‘ilgan emas. Pulni keragicha bosaverish mumkin edi.

Istagan sovet kishisi bolaligidan biladiki, bizning pulimiz puch pul, u faqat mamlakat ichkarisidagi muomalaga yaraydi. Bu — qullar uchungina shunaqa. Nomenklatura darajasida oladigan bo‘lsa, uning mag‘zi to‘q. Shu darajada to‘qki, hatto, dollar ham uning oldida ip esholmaydi. Qog‘oz pullarda: «SSSRning butun mulki pulning qadrini ta’minlashda garovdir», - degan yozuv bor. Mamlakat ichkarisida bu yozuvning mutlaqo hech qanaqa ahamiyati yo‘q, ammo G’arb banklari uchun uning salmog‘i katta. SSSRning mulki degani nima? Bu — quruqlikning oltidan bir qismini tashkil qiladigan yer maydoni, o‘rmonlar, yer osti boyliklari, ko‘p millionli mehnatkash aholi. Bu — istagan bir g‘isht... Juda katta miqdordagi pullarga evaz talab qilar ekan, G’arb banklari hamisha bizning «mulk»imizdan shu miqdorga yarasha biron narsa undirib olish imkoniga ega bo‘lishgan. Bu nomenklaturaning quturib ketishiga yo‘l qo‘ymasdi, chunki transfert bo‘ladigan bo‘lsa, yaxshi zamonlarda bir so‘m uchun 10—15 sent to‘lashardi. Holbuki, bunaqa ishlarga G’arbning hamma mamlakatlarida ko‘navermas edilar. Xuddi shunday ishlarida Maksvellning shaxsiy aloqalari qo‘l kelardi. U dunyoning juda ko‘p ishbilarmonlari, siyosat dunyosining arboblari bilan qil o‘tmas darajada yaqin edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:33:35
Shunday qilib, o‘rtoq Stalinning rejasi amalga oshdi, amalga oshdi-yu, faqat teskarisiga. Pullarni hech kim hech qaerga ko‘chirgani yo‘q. Sovet pullari SSSR Davlat bankida turganicha turaverdi, faqat egalarining hisoblari o‘zgardi, xolos. Allaqaylarda — Ovrupo banklari qa’rida nomenklaturaning shaxsiy hisobiga dollarlar oqib turardi. Sovet banklarida esa juda katta miqdordagi pul to‘planib bormoqda edi. Bu pul ortiq SSSRniki emasdi. Istagan paytda portlash sodir bo‘lishi, sovet puli rasman konvertatsiya qilinmasligi vajidan 1000 foiz inflyatsiya yuz berishi mumkin edi. Dollar esa faqat G’arb iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilardi. Sovet nomenklaturasining bunaqa behuda ishlarini G’arbda biladigan Robert Maksvellga o‘xshagan odamlar oz. Lekin ular SSSRdagi naqd pulning hammasini tag-tugi bilan sotib olish yo‘llarini o‘ylay boshladilar. Shunday qilinsa, bu — kommunistik tuzumning so‘zsiz taslim bo‘lishi bilan barobar edi. Bunday ahvoldan qutulishning birdan-bir yo‘li Uchinchi jahon urushini boshlab yuborish bo‘lardi, xolos. G’arbdagilar Kreml sardorlarining ancha-muncha mas’uliyatsizliklaridan va qarib munkillab qolganlaridan yaxshi xabardor edilar, shuning uchun naqd pul olib-sotishdagi quturishlar oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb tashvish chekishardi. Axir, bir gal yemga ishlatiladigan g‘alla yetmay qolgani haqida xabar qilishganda, Brejnev o‘ylab ham o‘tirmay: «Urush boshlaymiz-u, g‘allani G’arbdan tortib olamiz», deb javob bergandi-ku! To‘g‘ri, bu hazil edi. Ammo bu hazilda KPSS rahbariyatining shirin tushlariga kirib turadigan ardoqli orzulariga shama bor edi. Hech qanday jamoat fikriga ega bo‘lmagan va hamma narsa jinoyatkorona tashkilot tomonidan nazorat qilinadigan mamlakat bilan muloqotga kirishsang, har holda, ehtiyot bo‘lganing yaxshi-da! Hammasidan tashqari, bunaqa operatsiyani boshlashdan avval so‘m bilan dollarning kursini shunday bir nisbatga keltirish kerakki, juda kam dollar xarjlab, juda ko‘p miqdorda so‘m xarid qilish mumkin bo‘lsin.

So‘nggi vaqtlarda Maksvell shosha-pisha valyuta sotib ola boshlagan edi. U katga miqdorda qarzga ham botdi — qarzi ikki milliard dollarga yetdi. Mutlaqo kutilmaganda u o‘zining to‘ng‘ichi «Pergamon press»ni ham 446 million funt-sterlingga sotib yubordi. Bu pullar qayoqqa ketdi? Aftidan, bir zamonlar ingliz razvedkasining iste’fodagi kapitaniga KPSSning «do‘stona» firmalari ro‘yxatida turgan shu nashriyotni xarid qilishga 13 ming funt-sterling berib turgan odamga sarflangan bo‘lsa kerak. «Uchlar rejasi»ning mo‘ljaliga ko‘ra, eski veksellar bo‘yicha uzil-kesil hisob qiladigan vaqtlar yaqinlashib kelmoqda edi... (Maksvell Gorbachyov bilan juda iliq munosabatlarga ega edi. So‘nggi Bosh kotib uncha-muncha narsani andisha qilib o‘tirmasdi. U juda ko‘p firmalarga, jumladan, «Ikegami Susinki» firmasiga o‘z suratidan reklamada foydalanishga ruxsat bergandi. Albatta, bepul emas. Maksvellga tegishli «Bi-Bi-Si» yangiliklar telekanali esa bir kuni: «Bizning dasturimizning direktori SSSR prezidentidir, — degan gapni aytib yubordi. Babelning yaxshi ko‘rgan gapi bo‘lardi: «Hech kim bilmaydi — qaerda Benya tamom bo‘ladi-yu, qaerda politsiya boshlanadi?»)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:35:07
«Mutlaqo maxfiy. Shifr ZYUDI.
Hozirgina birinchi manzildan, bevosita rus bankasidan 100 milliarddan ortiqroq sovet pulini sotib olish haqida taklif oldik. 100 so‘mi 6,62 amerika dollaridan.
Sizda bu pulni oladigan aniq xaridor bormi? Bo‘lsa, keyingi ishlarni batafsil muhokama qilish mumkin».

«Sherigingizga ishonsa bo‘ladimi, yo‘qmi degan vajdan xaridor xavotir olyapti. Manfaatlar doirasidan Interpol ham xabardor bo‘lib qolishi mumkin, shekilli. Oldi-berdi yo‘sinini o‘zgartirib bo‘lmasmikin?»

«Bizning sherigimiz rus Davlat bankining bevosita vakilidir. U hamma ishni Syurixda turib shaxsan kuzatadi va nazorat qiladi. Ko‘zda tutilgan tartib-qoidalardan chekinish juda qiyin, buning oqibatida har xil muammolar chiqishi mumkin...»

«Vakillar Interpolning nazorati ostida bo‘lsa kerak», — degan xavotirlaringiz asossiz. Ular tomonidan taklif qilinayotgan juda katta miqdordagi pul, tegishli suratda rasmiylashtirilgan hujjatlar va sizga ma’lum dividendlar Davlat banki, Moliya vazirligi va SSSR hukumatining roziligisiz olinishi mumkin emas».

SSSR Moliya vaziri KPSS Markazqo‘mining a’zosi Valentin Pavlov edi.
Davlat bankining boshqaruvchisi — KPSS Markazqo‘mi a’zoligiga nomzod Leonid Gerashchenko.
Bosh vazir — KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi Nikolay Rijkov.
Davlat boshlig‘i KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi Mixail Gorbachyov.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 01:36:12
«Sizning ma’lumotlaringizni shubha ostiga olmagan holda bevosita Moskvaga o‘z odamlarimizdan birini yo‘llashni istar edik. Bunday takliflar bizning moliyaviy xonadonimiz boshiga kulfatlar yog‘dirishi mumkin bo‘lgan tizimlardan emas, balki chindan ham mamlakat hukumatidan chiqayotganiga ishonch hosil qilishimiz kerak...»

Yuqori doiralarda ana shunday g‘aroyib voqealar tobora qanot yozib borayotgan ekan va «Ledi Goslen» radiostantsiyasi ovchilarning burg‘usi kabi butun dunyodagi moliyaviy ko‘ppaklarni Sovet Ittifoqini burda-burda qilib tashlashga undayotgan, ammo fursat yetib kelganiga to‘la ishonqiramay taraddudlanibroq turgan bir fursatda KPSS evakuatsiya bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda davom etardi. Negaki, u hamon, har galgidek, tashkilotchi va ilhomchi edi.

Leninning «Talangan buyumlarni tala!» degan klassik shiori allaqachon «Talangan odamni tala!» shioriga aylanib bo‘lgan edi.

«Maxfiy. Bajarilishi shart.                         
23.08.1990
...Qozog‘iston Kompartiyasi Markazqo‘mi, KPSS Moskva va shahar qo‘mitasi va KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasi birgalikda uchta tijorat bankning muassislari (Olma-otada «Kompartbank», Moskvada «Glavmoststroybank» va Leningradda «Rossiya» tijorat banki) bo‘lishdi... Turli darajadagi partiya tashkilotlari depozit mablag‘larini tijorat bankda joylashtira boshladilar. Ammo partiyaning markaziy organlari darajasida bu muhim ishda muayyan sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 23:56:01
Muayyan sustkashlik shu bilan izohlanar ediki, har tomondan raqobatchilar chiqib, ishlashga xalaqit bera boshlashdi. Turli-tuman jamoatchilik guruhlari va xususiy odamlar, korxonalar, kooperativlar, banklar ocha boshladilar va hatto, xorij bilan mustaqil aloqalar o‘rnatishga kirishdilar. Endilikda KPSS bor-yo‘g‘i mamlakatdagi jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanardi, xolos. U, hatto, rasman ro‘yxatdan ham o‘tmagandi. Binobarin, endilikda u hech narsaga aralashmasligi kerak edi. Shunday bo‘lsa-da, uning sadoqatli jangovar otryadi bo‘lmish KGB jonajon partiyasini xafa qildirib qo‘ymadi. Holbuki, KGB jamoat tashkiloti emas, qudratli davlat idorasi edi. Tadbirkorlarni qamash boshlandi. Bu shu qadar avj oldi-ki, undan yangi qirg‘inning hidi kela boshladi. «Shepelixa» kooperativining ishi, Alfred Shopenbergning ishi, Korobochkinning ishi, Magadandagi «Spark» qo‘shma korxonasining ishi, tintuvlar, musodaralar, KGB pullariga tashkil qilingan reketchi bandalarni tadbirkorlarga qarshi solish, poraxo‘rlikning yangi to‘lqini — bularning bari siyosiy qirg‘inni eslatsa-da, aslida raqobatchilarni gumdon qilishdan o‘zga narsa emas edi. Nihoyat, KGB partiyaning rasmiy reketchisi bo‘lib olib, o‘zining munosib qiyofasini topdi. Ammo bu rol KGBni ortiq qanoatlantira olmasdi. Har qanday reketchi ham qalbining bir puchmog‘ida tadbirkor bo‘lishni, katta savdogarlarga xos salmoq va salobat bilan ish yuritishni istaydi, kooperatorlarning yuragini vahimaga to‘ldirib, uyma-uy izg‘ib yurish uning ham joniga tegadi.

KGBning Birinchi Bosh boshqarmasi polkovnik Veselovskiyga o‘xshagan mutaxassislarga to‘la bo‘lganidan KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasini g‘oyalar bilan oziqlantirib turish bilan cheklanib qolmoqchi emas edi. Bu boshqarma jahon miqyosida yashirin ishlarda orttirgan boy tajribasini o‘zi mustaqil ravishda hayotga tatbiq qilib ko‘rishni istardi. Birinchi Bosh boshqarma ANT kontsernini tuzadi, uning direktori qilib o‘z ofitseri Ryashentsevni tayinlaydi. Buni tuzishdan maqsad o‘zining maxfiy omborlaridagi qurolni mustaqil sotib, yigirma milliard dollar ishlab olish edi. Ammo KPSS o‘zining jonajon jangovar otryadini juda yaxshi biladi, uning layoqati nimalarga qobil ekanidan ham yaxshi xabardor. Axir, 70 yildan ortiqroq muddat davomida ular birgalikda har xil sinfiy janglarda va o‘zaro ixtiloflarda bekorga jon chekib kurashishganmi? KGBning 6-boshqarmasi Novorossiyskda Birinchi boshqarmaning tanklarini ushlab qoladi. Ular qalbaki hujjatlar bilan qishloq xo‘jalik asbob-uskunalari sifatida xorijdagi allaqanday abjir dallolga jo‘natilayotgan ekan. Juda katta g‘alva ko‘gariladi. Ma’lum bo‘ladiki, Birinchi Bosh boshqarma o‘zining ishlariga allaqancha katta odamlarni, shu jumladan, Bosh ministr Rijkovni ham jalb qilib ulguribdi. Boshqarmalararo hayot-mamot jangi boshlanadi. KGB ning 6-boshqarmasi sudanlik bir ig‘vogarni bo‘shatib ham yubordi. Bu odam Birinchi Bosh boshqarma odamlariga 140 ming dollar pora berishi, bu ish Budapeshtda amalga oshirilishi kerak ekan. Ammo Birinchi Bosh boshqarmadagilar ham anoyi emas edilar. Sudanlikni KGBning ayg‘oqchisi, deb fosh qilishdi, ishni Oliy Sovetga olib chiqishdi va unga juda g‘aroyib tus berishdi — ma’lum bo‘ladiki, hammasiga kooperatorlar aybdor ekan. Axir ANT kooperativ edi-da! Ammo bu ishning pachavasi chiqdi, chunki KPSS havaskorlikni yoqtirmas edi. Hamma narsani partiya intizomi talablariga mos ravishda kelishib olish kerak. Masalan, leningradlik o‘rtoqlarga o‘xshab. Ularga ham oson tutib bo‘lmaydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 20 Sentyabr 2012, 23:56:44
«27.09.1990. KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasiga. Mutlaqo maxfiy.

1990 yil 27 iyun kuni SSSR Davlat bankida 328-raqam ostida 31 million so‘m ustav jamg‘armasiga ega bo‘lgan «Rossiya» tijorat banki ro‘yxatga olindi. KPSS Markazqo‘mi bilan kelishilganiga ko‘ra, bankning asosiy muassisi KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining Ishlar boshqarmasi bo‘ldi. Hammuassislarning juda yuksak intellektual, professional ishlab-chiqarish va moliyaviy imkoniyatlarini inobatga olib aytish mumkinki, bu bankka qo‘yilgan mablag‘lar yuqori darajada ma’naviy va moddiy daromad beradi. Litsenziya olgandan keyin bank xorijiy valyutada kredit-hisob va boshqa operatsiyalarni bajarishi mumkin bo‘ladi.

Ustav jamg‘armasidagi hissasiga muvofiq uning muassislariga berilishi kerak bo‘lgan daromadning asosiy qismi partiya kassasiga tushadi. Shu bilan birga mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi va siyosiy vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan «Rossiya» bankining depozitiga partiyaning zaxira jamg‘armasidan uch yil muddatga yiliga 3-4 foizlik daromad bilan 500 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘ini o‘tkazib turishni mumkin deb hisoblayman. Bu markaz partiya organlarining tadbirlariga moliyaviy mablag‘ ajratish uchun barqaror poydevor yaratishga imkon beradi.

KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining Kotibi: B. Gidaspov».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:01:13
Gidaspov hamisha juda serg‘ayrat va jo‘shqin faoliyat kishisi bo‘lgan. Yaqindagina Leningradga shaxsan Gorbachyovning o‘zi kelgan edi. U viloyat qo‘mitasining avvalgi kotibi Solovevni qayta qurish mohiyatini tushunmagani uchun ishdan olib, o‘rniga Gidaspovni qo‘yib ketgandi. Gidaspovning birdan burni ko‘tarilib ketdi — yiliga 3-4 foiz daromad bilan qo‘yiladigan 500 million so‘m hazil gapmi? Gorbachyov Gidaspovni yoqtirgan bo‘lishi ham mumkin, lekin u Kruchinaga ma’qul emasdi — uni g‘o‘r deb hisoblardi. Kruchina Leningrad viloyat qo‘mitasining Ishlar boshqaruvchisi Krutixinni ham yoqtirmasdi. Nima uchun deysizmi? Sababi — noma’lum. Yoqtirmas edi, tamom-vassalom.

«KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi Leningrad partiya viloyat qo‘mitasining iltimosiga qisman rozi bo‘lish mumkin deb hisoblaydi va «Rossiya» tijorat bankining depozitiga KPSSning sug‘urta jamg‘armasidan ikki yilga yiliga 6 foizlik daromad bilan 50 million so‘m o‘tkazishi mumkin.

KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqaruvchisi N. Kruchina».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:01:48
Leningrad viloyat qo‘mitasining hakalak otgan ishtahasini jinday o‘rniga tushirib qo‘ygach, Kruchina boshqa muhimroq ishlarga sho‘ng‘ib ketdi. Transfert yo‘li bilan yaqin fursatlar ichida 280 milliard so‘mni dollarga aylantirish kerak edi. Taxminan bir dollarga 15—18 so‘mdan to‘g‘ri keladi. Buni kechiktirib bo‘lmaydi, chunki yaqin kelajak ichida so‘mga nisbatan dollarning kursi keskin oshib ketadi. Shuning uchun G’arb banklaridagi hisoblarda juda katta miqdordagi valyuta yig‘ilib qolgan bo‘lishi kerak. Toki bu valyuta bilan nafaqat butun partiya mulkini, balki butun Sovet Ittifoqini ham xususiylashtirib olish mumkin bo‘lsin. Shunday qilinsa, hamma narsa partiyaning qo‘lida qoladi. Yaqindagina — 1990 yilning iyul oyida Kruchina KPSSning XXVIII s’ezdida otashin nutq so‘zladi. To‘g‘ri, u hali XXVIII s’ezdning eng oxirgi s’ezd ekanidan voqif emas edi. U KPSSning xorijdagi valyuta operatsiyalari masalasida tuhmatchilar aytgan hamma bo‘htonlarni rad etdi; Kruchina qasamlar ichib, partiya faqat a’zolik badallari hisobiga yashayotganini aytdi: «KPSSning xorijda hech qaysi bankda jamg‘armasi yo‘q, hech qaysi mamlakatda mulkka ega emas. Bizga tushadigan valyutaning faqat bitta manbai bor: bu — xorijda ishlaydigan kommunistlar to‘laydigan a’zolik badallaridir. Ular maoshlarining valyutada olinadigan qismidan valyutada a’zolik badali to‘laydilar. Bu pullar davlatning valyuta daromadiga qo‘shiladi. Partiya byudjetiga bu pullar so‘mga aylantirilib o‘tkaziladi. Partiya organlarining valyuta ehtiyojlari uchun mablag‘ bizga ham boshqa ministrliklar va muassasalar kabi umumiy asoslarda o‘tkaziladi. Keyinchalik biz Minfinga uning qiymatini sovet pullarida qaytarib beramiz...»

Xullasi kalom, agar bizda biror-bir imtiyoz bo‘lsa, bu — pulemyotchilarga qarshi birinchi bo‘lib ko‘krak kerib borish imtiyozidir.

70 yil mobaynida partiya yolg‘on gapiraverib shu darajaga yetgan ediki, endilikda uning gaplariga ishonish qiyin bo‘lib qolgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:03:15
«Mutlaqo maxfiy.                           
P 286/72 30.10.1990
AQSh Kompartiyasi Bosh kotibi o‘rt. Gess Xollning iltimosi to‘g‘risida.
1. AQSh Kompartiyasining Bosh kotibi o‘rt. Gess Xollning iltimosi qondirilsin va unga 1991 yilda 2 million dollar o‘tkazilsin...»

Gorbachyov nigohini qog‘ozdan uzib, Kruchinaga qaradi: «Nima uchundir Gess Xollga tez-tez pul o‘tkazadigan bo‘lib qoldikmi?»

«Bu unga emas, — deb tushuntirdi Kruchina, — bu o‘zimizga. O’zaro yordam tariqasida».

«Do‘stona firmalar uchunmi?» — deb qiziqsindi Bosh kotib. U o‘ziga foyda keltiradigan bo‘lsa, hamisha hech narsani tushunmaganga olar edi.

Aytganday, «do‘stona» firmalar to‘g‘risida. Ular ketma-ket sinyapti. Ularga to‘lashga pulimiz yo‘q. Davlat byudjetidan olmasa bo‘lmaydi. Gerashchenko bilan Pavlov esa berishmayapti. Ularning nimalargadir katta xarajati bor emish. O’rtoq Falin bu masalada yana axborotnoma tayyorlagan:

«1989 yilning oxiridan beri «do‘stona» firmalar (Fransiya, Portugaliya, Gretsiya, Kipr, Avstriya, Shvetsiya, Urugvay) borgan sari zo‘rayib borayotgan to‘siqlarga duch kelmoqdalar. Buning asosiy sababi shundaki, sovet vakillari bizning mamlakatimizga jo‘natilgan tovarlar uchun pul to‘lashmayapti. Bir necha marta shu sabab bilan firmalar sinish yoqasiga borib qoldilar, faqat o‘rt. A. Kunyal, G. Plisane, G. Xristofias, D. Zilmermaerlar, Gretsiya Ishchi partiyasi rahbariyati, Shvetsiya Ishchi partiyasi rahbariyatining KPSS Markazqo‘miga bevosita murojaat qilishiga javoban M. S. Gorbachyovning shaxsan aralashuvigina tanazzul vaziyatini vaqtincha yumshatishga imkon berdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:03:46
So‘nggi haftalar ichida qarzlarimizni to‘lash borasida, ayniqsa, Fransiya, Avstriya, Shvetsiyadagi «do‘stona» firmalarning ahvoli keskin tarzda og‘irlashib ketdi. 1990 yil 10 oktyabr kuniga «do‘stona» firmalarga qarzimiz borasidagi ahvol quyidagichadir:

Fransiya Kompartiyasi — «Interagra» kompaniyasi (SSSRga maxsus savdo tarmog‘i uchun g‘alla, yog‘, go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib beradi). Bu kompaniya to‘lov uchun 138 million dollarga qog‘oz jo‘natgan. Bundan 60—70 million dollari muddati o‘tib ketgan qarzlardir. Bu masala shu yilning 8 oktyabr kuni M. S. Gorbachyovga yetkazilgan. «Tashqi iqtisodiyot banki»ga tezlik bilan chora ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Bankning ma’lumotiga ko‘ra (Yu. S. Moskovskiy), 9 million dollar Parijga 11 oktyabrda o‘tkazilgan va yana 15 million dollar bugun o‘tkaziladi. Qolganlari Fransiyadan olinadigan qarz hisobidan to‘lanadi. Ammo Fransiyadan olinadigan qarz haqida hali muzokaralar boshlanganicha yo‘q.

Shvetsiya Ishchi partiyasi — «Vig Tryuk produkt AB» partiya matbaasi «Tashqi savdo nashriyoti»dan 3 million shved kroni miqdoridagi qarzini undirib ololmayapti. Sovet elchisining ma’lumotiga ko‘ra qarzni to‘lash yana cho‘ziladigan bo‘lsa, matbaa 7—10 kun ichida butkul sinadi. U taqdirda «Norshensflamman» degan partiya organini nashr etish xavf ostida qoladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:04:28
Avstriya Kompartiyasi — «Kraus va Ko» kompaniyasi (maxsus savdo tarmoqlari uchun keng iste’mol mollari yetkazib beradi). Muddati o‘tib ketgan qarzimiz 30 million dollar va yana 31 million Avstriya shillingini tashkil qiladi.

Portugaliya Kompartiyasi — «Kommersio internasional», «Espor/Exosua» (Ispaniya), «Metalime», «Tagol» kompaniyalari (o‘simlik yog‘lari, poyabzal, qo‘lqoplar, polietilen qoplar va po‘lat tasmalar yetkazib beradi). Qarzimiz qisman to‘langan, qolgani hozirgi paytda 11 million dollarni tashkil qiladi.

Gretsiya Kompartiyasi — «VEK» firmasi (maxsus savdo tarmoqlari uchun poyabzal yetkazib beradi). Iyul oyida qarzimiz qisman to‘langan (3 million dollargacha), hozirgi paytda qolgan qarzimiz 8 million dollar hajmida.

Qarzimizning bu jihatining o‘ziga xosligi shundaki, gap, odatda, davlat miqyosida olinadigan bo‘lsa, arzimagan pul miqdori ustida boradi; biroq ana shu arzimagan miqdor «do‘stlarimiz» uchun hayot-mamot masalasini hal qiladi. (Esingizdami, Chernobil bolalari uchun zudlik bilan 3000 dollar kerak, Afg‘oniston veteranlari uchun aravacha va protezlar kerak, zilzila qurbonlari uchun bir marta ishlatiladigan ukol ignalari zarur. Bor-yo‘g‘i arzimas 10000 dollar kerak, xolos. Ammo qani o‘sha pul? Uni qaerdan olish mumkin? Yoki g‘arbiy firmalar xayr-ehson qilarmikin? Qilishmasa-chi? Yo‘q bo‘lsa, yo‘q-da! O’rtoq Falin bu masalada iltimos qilib o‘tirmaydi. — I. B.)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:05:14
«Tashqi iqtisodiyot banki» doimiy ravishda «do‘stona» firmalarga qarzimizni navbatdan tashqari to‘lashga rozi bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Bu masalalarni hal qilishga aralashing, deb har gal M. S. Gorbachyovga murojaat qilib bo‘lmaydi-ku! V. Falin».

Falinning maktubiga quyidagi mazmundagi muxtasar ma’lumotnoma ham ilova qilingan:

«Shu yilning 17 iyul kuni «VEK» degan Gretsiya firmasining vakili Moskvada magazinlar ochish borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashgan va bu masalada yordam so‘rab partiyaga murojaat qilib shunday yozgan edi:

«Imkondan foydalanib, biz KPSSning bu soha uchun mas’ul bo‘limi savdo-sotiq masalasida hamkorlik qilishga tayyor ekanimizni izhor etmoqchi edik. Ishonchimiz komilki, o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish sohasida juda ko‘p mushtarak manfaatlar mavjuddir.

O’rtoqlar, partiyangiz tomonidan bizga ko‘rsatilgan yordam uchun chin yurakdan minnatdorlik bildiramiz. Bu yordam tufayli Moskvadagi vakolatxonamiz partiyamizning daromadlarini ta’minlovchi asosiy manba bo‘lib qoldi».

Gorbachyov Falinning maktubini sinchiklab o‘qib chiqdi. «Maktub menga yo‘llanganmi yo Pavlovga?»

«Pavlov pul bermaydi», — deb javob berdi Kruchina.

«U bermasa, menda pul nima qiladi?» — deb so‘raydi Gorbachyov.

«Bizda pul yo‘q, - deb rozi bo‘ladi Kruchina. - Bu xarajatlarning hammasi hamma vaqt davlat byudjeti hisobidan qoplanardi».

Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:06:45
Ko‘p yillar mobaynida «do‘stona» firmalar nomenklaturani tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlari bilan arzon baholarda ta’minlab kelardi. Hatto, suvni ham maxsus idishlarda jo‘natishardi, chunki nomenklatura mutlaqo haqli ravishda vatanimizning zaharlangan suvidan iste’mol qilishni istamasdi. Tovarlar, albatta, G’arbning qarichi bilan o‘lchaganda ikkinchi navli edi, ammo sovet mezoni bilan o‘lchansa, benihoya yuksak edi. Tabiiyki, ular xalqning tushiga ham kirmagan. Faqat Avstriyadan keltirilgan allanimabalo ayollar etigining bir jufti maxsus taqsimlagichda 18 so‘mdan sotilayotgani to‘g‘risida ovozalar yurardi. Endilikda esa bozorga trillion so‘mlik sarmoya bilan kirib borayotgan, o‘zining hissadorlik jamiyatlarini, savdo firmalarini, banklarini tashkil qilayotgan partiyani «do‘stona» firmalar qanoatlantira olmay qoldilar. Paydo bo‘lgan yangi imkoniyatlar shu’lasida kechagi valine’matlar ayanchli va juda nochor ko‘rinib qoldi. Boshqa qarzlarni ularga to‘lamay qo‘ya qolishdi. Oddiy odamlar tilida buyumni olib, pulini to‘lamay ketgan odamni «firibgar» deyishadi. Odatda bunaqa hollar yirik janjallarga sabab bo‘ladi, hatto, otishmalar, portlatishlar, o‘t qo‘yishlar yuz beradi. Bu janjallarda odamlar nobud bo‘ladi, bolalar o‘g‘irlanadi. Firibgarlik to‘lqinlari poraxo‘rlik va boshboshdoqlik to‘lqinlari bilan qo‘shilib, butun mamlakatni to‘fonday bosa boshladi. Partiya mamnun bo‘lishi mumkin edi. O’n yillar mobaynida KPSS o‘zi o‘rnak bo‘lib, xalqini shu ruhda tarbiyaladi. Hali bironta mamlakat bunaqa past darajadagi ma’naviyat bilan bozor munosabatlariga qadam qo‘ymagan edi. KPSS Markazqo‘midan eng so‘nggi kooperativ do‘konigacha shu ahvolda edi. Shunday bo‘lgandan keyin «do‘stona» firmalar uncha o‘kinmasalar ham bo‘ladi — tarix g‘iddiraklari tagida yanchilish ularning qismatida bor ekan. Yolg‘iz Valentin Falingina goh Kruchinadan, goh Pavlovdan pul so‘rab, ularni eslatib turdi (buni u beminnat qilgan deb ishonamiz).
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:07:48
Aytish kerakki, Pavlovda pul bor edi. Ammo u bu pullarni xalqaro ishchilar harakatiga sovurmoqchi emasdi. Xuddi shu kezlarda Moliya ministri Pavlov (oradan ko‘p o‘tmay, u Bosh ministr bo‘ladi), uning birinchi muovini Orlov va Davlat banki boshqaruvining raisi Gerashchenko bir xilvat go‘shada Syurixdan uchib kelgan Shmid degan odam bilan do‘stona dasturxon tevaragida o‘tirishardi. Shmid Xerigisvil degan joyda uncha mashhur bo‘lmagan «Byurogemaynshaft» firmasida xizmat qilardi. Xerigisvil Shveytsariyadagi soliqlar tartibi eng yumshoq joy sifatida dovruq taratgandi. «Byurogemaynshaft» firmasi esa butun dunyo miqyosida eng badkirdor ishlarda dallollik qilishi bilan ma’lum edi. Shmid ma’lum maqsadlarda Moskvaga uchib kelgandi. Moskva haddan tashhari fantastik tarzdagi bir transfertni taxt qilgan — bu chindan ham shundaymi yoxud Interpoldagi ustasi faranglar qo‘ygan tuzoqmi — Shmid shaxsan o‘zi bunga ishonch hosil qilishi kerak edi. Amaldagi ishlar uning kutganidan o‘n chandon ortiq bo‘lib chiqdi. Unga 280 milliard so‘mni xarid qilishni taklif etishdi. Shmid gap taxminan biror yuz milliard ustida borsa kerak, deb o‘ylagan va bunaqa taklifni kutmagandi. Bunday miqdordagi pulni sotishga aql bovar qilmaydi — bu SSSRga G’arb tomonidan dahshatli moliyaviy zarba berishga yo‘l ochadi. Shmid moliyachi edi va SSSRning moliyaviy ahvolidan ozmi ko‘pmi xabardor edi. Jumladan, u butun SSSR bo‘ylab muomalada 139 milliard so‘m yurishidan xabardor edi.

«Sizlar bu pullarni muomaladan chiqarib olmoqchimisizlar?» —deb so‘radi u Pavlovdan. «Qisman, — deb javob berdi Moliya vaziri lablarini cho‘chchaytirib. — Lekin siz bizni ahmoq ekan deb o‘ylamang. Biz badavlatmiz. Bizning tashvishimizni qilmay qo‘ya qoling».

Shmid yelkasini qisdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:08:30
To‘rt bosqichda harakat qilishni kelishib olishdi.

Birinchi bosqich — 1990 yil dekabrida 100 milliard so‘m. Bahosi 5,5 milliard dollar.
Ikkinchi bosqich — 1991 yilning yanvarida — 25 milliard so‘m.
Uchinchi bosqich — 1991 yilning mayida — 15 milliard so‘m.
Ikkinchi va uchinchi bosqichlar — bahosi 2 milliard dollar.
Nihoyat, to‘rtinchi bosqich — 1991 yil iyulida 140 milliard so‘m. Bahosi 4,5 milliard dollar.

Hammasi bo‘lib 280 milliard so‘m. Bahosi — 12 milliard dollar.

«Siz yuborgan odamlar, — deb kengashni yopdi Pavlov, — hisob raqamlarini bilishadi. So‘nggi bosqichda ishning holatini janob Orlov shaxsan nazorat qiladi. Shu bilan hamma ish bitadi deb o‘ylamang. Hali pulimiz juda ko‘p».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:09:24
Pavlov rost gapirgan edi. Pul bosib chiqaradigan uskuna to‘laligicha uning ixtiyorida. Agar zarur bo‘lib qolsa, aholining pulidan ham bir qismini olish mumkin. Hechqisi yo‘q, o‘lib qolishmaydi. Mabodo o‘lib qolishsa, nachora, qismatlari shu ekan-da!

Bu gaplarga lol qolib, hang-mang bo‘lgan Shmid yurtiga uchib ketdi. U o‘z hayotida ko‘p narsani ko‘rgan, lekin hali bunaqasiga duch kelmagandi. Sirasini aytganda, u bor-yo‘g‘i 12 milliard dollarga butun Sovet Ittifoqini sotib oldi-ya!

Nikolay Kruchinaning ham puli bor edi. Ammo u har gal fursat kelganda davlat byudjetidan o‘marishini qo‘ymasdi. Garchi u Leningrad viloyat qo‘mitasidagi arboblarni jini suymasa-da, ularga so‘ralgan 500 million o‘rniga 50 million so‘m bergan ekan, buni ochko‘zligidan qilgani yo‘q. Pavlov unga bunaqa arzimas pulni berishdan hech qachon bo‘yin tovlamasdi. Kruchina Gidaspov va uning ish boshqaruvchisi Krutixinga nisbatan ko‘proq narsa bilardi. Leningradlik o‘rtoqlar «Rossiya» bankining muassislari bo‘lishdi. Bir tomondan bu yaxshi, albatta. Ammo ikkinchi tomondan — partiya banklari yaxshi o‘rnak ko‘rsatishayotgani yo‘q. Ularni ko‘rib erinmagan har bir odam bank ochish harakatiga tushib qoladi. Bunaqasi ketmaydi. Siyosiy byuroda jamoat tashkilotlariga banklar ochishni va vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Lekin KPSS ham jamoat tashkiloti-ku! Bu taqiq KPSSga taalluqli emas. Har nima deganingizda ham partiya har qanday maxfiy tashkilotga qaraganda yashirin faoliyat olib borishga mohirroq. Shuning uchun leningradliklar so‘ragan 500 millionni hozircha ularga bermay turgan ma’qulroq. Birdan sirlari ochilib qolsa, nima bo‘ladi? Har holda, shuncha pul bekor ketsa, alam qiladi-da! Leningradlik o‘rtoqlar hamisha birinchi safda yurishni istashadi. Undan ko‘ra Moskvada o‘rtoq Veselovskiyning ish uslubidan jinday o‘rganishsa bo‘lardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:10:02
Razvedkachi-iqtisodchining ijodiy fikri esa, muttasil olg‘a parvoz qilib, aniq ishlarda o‘z tajassumini topa boshladi. Buni ko‘rib Kruchinaning boshi osmonga yetardi. U, hatto, Veselovskiyga general-mayor unvonini berish to‘g‘risida tavsiyanomalar yozdi, ammo bu masalalarda Kryuchkov juda tepsa-tebranmas chiqib qoldi — u bo‘sh lavozimlar yo‘qligini, pul taqchilligini bahona qilib ko‘nmadi. Kruchina o‘rinsiz bir tarzda KGB hisobida saqlanayotgan 50 tonna oltinni eslatdi va hatto, kalendar varag‘iga «bu masalaning tagiga yetish kerak» deb qayd qilib ham qo‘ydi.

Veselovskiy polkovnikligicha qoldi, lekin bundan zarracha ozurda bo‘lgani yo‘q. Generallar, admirallar... bularning bari o‘tkinchi. Yangi zamonlar kelyapti. Veselovskiy bor-yo‘g‘i bir soat ichida sovet millionerlarining namunali oilasini barpo etdi, bu oilaga partiyaning pulidan 400 million so‘m «sovg‘a» qilish zarurligiga Kruchinani ishontirdi. Buning natijasida Veselovskiyning qalin oshnasi, «Kauchuk» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining sobiq bosh texnologi M. Xotimskiy kutilmaganda birvarakayiga to‘rtta firmaning: «Galaktik» kichik korxonasi, «Jobrus» degan mas’uliyati cheklangan uyushma, «Xolding LTD» firmasi va Moskva munitsipal assotsiatsiyasining boshlig‘i bo‘lib oldi. Uning xotini M. Xotimskaya «Galaktik»ning muassisi, uning ukasi V. Kravets esa «Jobrus»ning bosh direktoriga aylandi. Kravetsning xotini raqqosa bo‘lishiga qaramay, har ikkala firmaga muassis bo‘ldi. Bu oilaga qarashli eng yirik firmaning bosh direktori KGB podpolkovnigi Grebenshchikov edi. U rasman KGB idorasidan bo‘shatilsa-da, yonida pistolet bilan yurar, KGB guvohnomasini ham topshirmagandi. Uning asosiy vazifasi yangi militsionerlarni kuzatib yurish va kutilmaganda biron kori hol qilib qo‘yishlariga yo‘l qo‘ymaslik edi. Tabiiyki, firmalar hech narsa ishlab chiqarmas edilar. Ular tahorat suvi va pivo olib sotish bilan shug‘ullanishgan, shu tufayli daromadi ham juda katta bo‘lgan.

Veselovskiy Kruchinaga shunday axborot beradi: «Har xil xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish natijasida menda yanada jiddiyroq xo‘jalik vazifalarini hal qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Jumladan, xususiy moliyaviy guruhlardan moliyaviy qarz olishim mumkin (10-12 yilga 100 milliard dollarga qadar)... Qisman bu masalalar to‘g‘risida men og‘zaki va yozma shaklda Pavlovga, Sitaryanga, Znamenskiyga, Primakovga, Gereshchenkoga axborot berganman va og‘zaki shaklda bu shaxslarning roziligini olganman...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:10:54
Polkovnik Veselovskiyning to‘la-to‘kis ma’qullangan uslubi butun mamlakat bo‘ylab joriy qilina boshladi. Bor-yo‘g‘i bir necha oy ichida KPSS xufiya razvedkachining uslubi asosida o‘z mablag‘lariga 1453 ta xorijiy firmalar bilan birga qo‘shma korxona, aralash sarmoyaga ega bo‘lgan hissadorlik uyushmalari tashkil qilindi. KPSS tijorat tizimlariga 14 milliard so‘m va 5 milliard dollar sarfladi. Ammo iqtisodchi Veselovskiy o‘zining KGB polkovnigi ekanini bir lahza ham unutgani yo‘q. Mabodo unutishni istaganida ham, bunga yo‘l qo‘yishmas edilar. U jonajon partiyasining Markazqo‘mi qa’rida ham razvedkachilik vazifasini o‘tashda davom etdi. Partiya esa uning ko‘z o‘ngida ishchilar sinfi partiyasi libosini yechib tashlab, millatlararo kartelga aylanib bormoqda edi. Polkovnikning zimmasiga partiya sirlarini imkoni boricha ko‘proq bilib olish vazifasi yuklangandi. Ammo u bunga muvaffaq bo‘lmadi. Chunki yo Markazqo‘m o‘z ishlarini dunyodagi hamma razvedkalarga qaraganda yaxshiroq tarzda maxfiy saqlashga erishgan bo‘lib, KGBni laqillatuvchi yolg‘on axborotlar berib turardi, yoxud Kruchina Veselovskiyni o‘z foydasiga yollab olgandi. Har holda, Veselovskiyning bevosita o‘z boshlig‘i general Grushko (Bobkovning o‘rniga kelgan) nomiga yozgan axborotlari borgan sari ayanchli tus ola boshladi. Bu xabarlar Veselovskiy darajasidagi professional razvedkachiga munosib emasdi. «Markazqo‘mda ishlash davomida menga bir qator muhim masalalar ayon bo‘ldi:

1. KPSS mulki har xil darajadagi tashkilotlarga tarqatib yuborilgan. Shuning uchun tezlik bilan qaror qabul qilishning iloji bo‘lmadi... Markazqo‘m Ishlar boshqarmasida o‘z partiyasidagi ishlarning ahvoli to‘g‘risida tugal tasavvur yo‘q.

2. Moliyaviy mablag‘lar ham tarqatib yuborilgan. Ishlar boshqarmasi faqat markaziy byudjetni nazorat qilgan. Undagi taqchillik 1991 yilning o‘rtasiga kelganda 500 million so‘mga yetib borgan.

3. Partiyaning valyuta mablag‘lari masalasida ham hech qanday aniqlik yo‘q. Ularni qisman Markazqo‘mning xalqaro faoliyat bilan shug‘ullangan rahbariyati nazorat qilgan. Ammo shunday taassurot tug‘iladiki, na Dzasoxov, na Falin bu masala bo‘yicha aniq axborotga ega bo‘lgan emas. Eski rahbarlarda ko‘p narsa maxfiy qolgan. Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, ularning orasida xorijdagi ba’zi bir hisoblarni Brutents (Gorbachyovning maslahatchisi) nazorat qilgan».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:11:31
Veselovskiyga berilgan alohida topshiriq shundan iborat bo‘lganki, u ilmiy-sanoat uyushmasi va «Simako» kontserniga oid tafsilotlarni aniqlashi kerak edi. Bu uyushma va kontsernga KPSS Markazqo‘mining rahbariyati va shaxsan Kruchinaning o‘zi alohida mehr bilan qaragan. Partiya uyushma va kontsernga juda katta miqdorda mablag‘ sarflagan, chunki ular aslida Harbiy sanoat kompleksining aynan o‘zi edi. Sovet sanoatining bu sohasi qurol-yarog‘lar ishlab chiqarar va hamon samarali ishlamoqda edi. Ilmiy-sanoat uyushmasi va «Simako» kontserniga KPSS Markazqo‘mi a’zosi Arkadiy Volskiy rahbarlik qilardi. O’tmishda partapparatda mayda amaldor bo‘lgan bu odam nimasi bilandir Andropovga ma’qul kelib qolgandi. U Volskiyni o‘ziga yordamchi etib tayinladi, keyin u Gorbachyov bilan ishlay boshladi.

Endilikda uyushma ham, kontsern ham qandaydir shubhali, lekin ko‘lami keng ishlar bilan shug‘ullanmoqda edi. Bosh Vazir bo‘lib olgan Pavlovning yordamida ular mamlakatning harbiy sirlarini sota boshladilar. Buning oqibatida aql bovar qilmaydigan bahoda, ya’ni bir dollarga 1,8 so‘m qimmatida so‘mlarni almashtirib olishdi. Ular boshqa g‘irrom ishlarda ham ishtirok etishgan. Masalan, ko‘plab miqdorda qurol-yarog‘ va harbiy anjomlar sotishgan. Kontsern o‘z xavfsizlik xizmatiga ega edi. Bu yerda KGBning zaxiraga chiqarilgan ofitserlari xizmat qilishardi. Ular xizmat guvohnomalarini saqlab qolgan bo‘lib, qurol olib yurishga ham haqli edilar.

Bular to‘g‘risida Veselovskiy Grushkoga ham, Kryuchkovga ham ma’lumot bergandi. Ularning ikkovi ham bu ma’lumotlarni sovuqqina tinglab, «haddan oshib ketmaslik»ni maslahat berishdi, olamshumul masalalar bilan shug‘ullanmay, faqat uslubiy ko‘rsatmalar yaratish ustida ishlash kerakligini uqtirishdi. Bir necha kundan keyin Volskiy KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasiga shaxsan o‘zi kelib Kruchina bilan qattiq janjallashadi va partiyaning eng nozik joyidan «josus» Veselovskiyni darhol yo‘qotishni talab qiladi. Veselovskiy ikki o‘t orasiga tushib qolganini anglaydi: uni na KGB rahbariyati, na Markazqo‘m rahbariyati qo‘llamay qo‘ygan edi. Bunaqa ishlar sovet razvedkachisining boshiga tez-tez tushib turardi. Polkovnik o‘z hayoti uchun xavotir olib, yashirinib oldi. Ammo Veselovskiy uslubi partiya mulki borasida g‘olibona yurishda davom etardi. Hamisha butun mamlakatning eng oldingi saflarida bo‘lishga oshiqqan leningradlik o‘rtoqlar polkovnik Veselovskiy uslubiga munosib baho berdilar. Avvaliga sinab ko‘rish uchun VLKSMga qarashli tijorat tizimini soliqdan ozod qilishdi. Shundan keyin butun viloyat qo‘mitasi tijorat dardiga chalindi-qoldi. Ukalari — komsomol oldida yuzlari yerga qaramasligi uchun partiya apparati xodimlari tijorat bobida o‘z yo‘llarini izlay boshladilar. Hamma narsa xamirdan qil sug‘urganday jo‘ngina hal bo‘ldi. KPSS benihoya qudratli, ta’sir kuchi juda zo‘r tashkilot edi, shuning uchun yangi paydo bo‘layotgan ko‘pgina firmalar mamnuniyat bilan o‘zlarini uning qanoti ostiga olardilar.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:12:06
Smolniy ahli bilan ancha salmoqli mablag‘larga shartnomalar tuzilardi, buning evaziga esa, ular boshqa hamma uchun gap-so‘zsiz «qizil chiroq» yonib turgan joyda, «o‘z» firmalari uchun «yashil chiroq» yoqib berardilar. Imoratlarni qo‘lga kiritish borasidami, yaxshi buyurtmalarga ega bo‘lish, bankdan kreditlar olish, soliq yuzasidan imtiyozlar berish masalasidami, xullas, kerakli ishlarning hammasida viloyat qo‘mitasi muammoni juda tez samarali hal qilardi. Pulni vaqtida to‘lab, foydani baham ko‘rib turishsa bo‘ldi! «Rossiya» bankini barpo etar ekan, KPSS viloyat qo‘mitasi unga paychilar sifatida o‘z mijozlarini jalb etdi. Ularning qatorida «Rus videosi» degan ishlab chiqarish texnika uyushmasi bo‘lib, unga, hatto, Smolniyning o‘zidan joy ajratib berishgandi. Bundan tashqari «Rus» degan sug‘urta jamiyati va Politexnika institutining prorektori professor Shlepkov ham jalb qilingandi. Bank ta’sis etilayotganda ustav jamg‘armasidagi asosiy hissani, ya’ni 15 million so‘mni, tabiiyki, KPSSning viloyat qo‘mitasi berdi (Kruchina hali o‘zining 50 millionini yuborgani yo‘q edi). «Rus videosi» 13 million so‘m qo‘shishi kerak edi, ammo u bu mablag‘ni to‘play olmadi va viloyat qo‘mitasidan qarz olishga majbur bo‘ldi. O’z-o‘zidan ravshan-ki, yangi bank kengashi raisi qilib KPSS viloyat qo‘mitasi Ishlar boshqarmasining mudiri Krutixin tayinlandi.

Hamma narsa silliq ketayotgandi, ammo shu chog‘larda bank haqida qonun chiqib qoldi. Bu qonunni polkovnik Veselovskiy uslubini yaxshi o‘zlashtirgan Kruchina zo‘r matonat va qat’iyat bilan olg‘a surgandi. RSFSR Banklari haqidagi qonun KPSS viloyat qo‘mitasiga qo‘shgan hissasini qaytarib berishni talab qilardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:13:10
Viloyat qo‘mitasiga 15 million so‘mni qaytarib berishdan avval bank kengashi tarkibidan kengash raisi — viloyat qo‘mitasi ishlar boshqarmasining mudiri Krutixinni chiqarib yuborishdi. Bu, albatta, tabiiy edi, pullar gum bo‘lganidan keyin uning farmonbardori ham gum bo‘ladi-da! Ayni choqda kengash tarkibiga «yangi odam»ni kiritishadi va uni kengash raisi qilib saylashadi. U «Daynemik Transfer» kompaniyasi boshqaruvining rais muovini A. A. Krutixin edi. Bu odam bankka avvalgi «partiyaviy» 15 million so‘m o‘rniga yangi «partiyasiz» 15 million so‘mni olib keldi. Bu «Daynemik Transfer»ning ulushi edi. Bank kengashi raisi Krutixinning bir zumda KPSS viloyat qo‘mitasi Ishlar boshqarmasi mudiridan «Daynemik Transfer» davrasiga mansub biznesmenga aylanib qolishi sehr-jodu bilan amalga oshganday bo‘ldi. «Partiyaviy» 15 million so‘mning ham yangi tusga kirishi shunday sodir bo‘ldi. Bu orada Kruchina jo‘natgan 50 million so‘m ham kelib qoldi-yu, ishlar yanada jo‘nashib ketdi. Mablag‘larning bir qismini Sovet — Belgiya qo‘shma korxonasi «Daynemik Transfer»ga o‘tkazdi. Uning xususiy manzili Politexnika institutida edi. (Shuning uchun ham professor Shlepkov muassislardan biri bo‘lgandi.) Qo‘shma korxona o‘z navbatida «Rus» sug‘urta jamiyatini tuzish uchun mablag‘ ajratdi, biznesmen Krutixin esa ayni shu jamiyat hisobidan muntazam ravishda Belgiyaga qatnay boshladi. Krutixin u yerda yangi qo‘shma korxonalar tuzish bilan shug‘ullandi, daromadlarni esa Belgiya banklariga qo‘ydi. Bu kompaniyani harakatga keltirib turgan asosiy siymo KPSS mafkurachisi Viktor Yefimov bo‘lgan edi. U xalq deputati bo‘lish uchun urinishlari zoe ketgandan keyin siyosatni yig‘ishtirib qo‘ydida, o‘zini biznesga bag‘ishlashga ahd qildi.

KPSSning Moskva shahar qo‘mitasi ustomonlik bilan ish yuritdi va faoliyat ko‘lamini kengaytirdi. Albatta, uning tajribasi kattaroq edi-da! Grishin davrida qanaqa ishlarni qilmadi bu qo‘mita?! Hatto, Yeltsin shahar qo‘mitasida partiya intizomini tartibga keltirishga urinib ko‘rganida, uning o‘zini ham yamlamay yutishdi. Moskva shahar qo‘mitasining Birinchi kotibi Yuriy Prokofev tabiatiga ko‘ra g‘alvalardan nari yuradigan, lekin juda makkor va aqlli odam edi. Xuddi shu sifati bilan u o‘zining leningradlik hamkasabasi Boris Gidaspovdan ajralib turardi. Gidaspov kimyo professori bo‘lsa ham, xuddi oddiy bir feldfebelday oldi-ketiga qaramay harakat qilardi. Prokofev KPSS Moskva viloyat qo‘mitasining kotibi Balashov bilan hamjihat ish olib borardi. KPSS Moskva shahar va viloyat qo‘mitalarining olisni ko‘ra oladigan bu ikki kotibi mutlaqo o‘rinli tarzda vahimaga tushib qolishdi. Ular hademay qonuniy va g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan to‘plangan partiya mulkini musodara qilish boshlanadi degan tashvishda edilar. Shu munosabat bilan ular yuqoriga batafsil maktub yo‘llashdi va unda imkoni bor narsaning hammasini qanday qilib tez va samarali yashirib qo‘yish yo‘llarini bayon etib berdilar. Yuqori doiralarga Prokofev va Balashovning tashabbusi ma’qul bo‘ldi. KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasining mudiri Kruchina mutlaqo maxfiy buyrug‘ida «Hissadorlik jamiyati» tuzish g‘oyasini ma’qulladi va partiya organlarining 116,6 million so‘mlik asosiy fondini uning hisobiga o‘tkazish haqida ko‘rsatma berdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:14:09
Oradan to‘rt kun o‘tgandan keyin esa Markazqo‘m Kotibiyati tegishli qaror qabul qildi:

«Mutlaqo maxfiy.
Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markazqo‘mi Kotibiyatining QARORI
O’rtoq Yu. A. Prokofev va B. I. Balashovlarning maktubi to‘g‘risida.

1. Partiyaning Moskva shahar qo’mitasi va viloyat qo‘mitasi Birinchi kotiblari o‘rtoq Yu. A. Prokofev bilan B. I. Balashovlarning shahar va viloyat partiya tashkilotlarining asosiy jamg‘armalarini ana shu partiya qo‘mitalari ishtirokida tuzilayotgan hissadorlik jamiyati hisobiga o‘tkazish haqidagi taklifiga rozi bo‘linsin. («Istisno tariqasida» degan so‘zlar ustidan o‘chirilgan.)

2. Ko‘rsatilgan hissadorlik jamiyati aktsiyalarining 60 foizi partiya Moskva shahar qo‘mitasi va viloyat qo‘mitasi siymosida KPSSniki bo‘lajagi e’tiborga olinsin.

3. Hissadorlik jamiyati barpo etish va ishlatish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda KPSSning mulkiy manfaatlari va huquqini ta’minlash uchun javobgarlik o‘rtoq Yu. A. Prokofev va B. I. Balashovga yuklatilsin».

Ammo KPSS viloyat qo‘mitalari va o‘lka qo‘mitalaridagi voqealar har qancha shiddatli tus olmasin, ular partiya-davlat tizimining eng yuksak nuqtalarida sodir bo‘layotgan voqealar qarshisida hech narsaga arzimay qolardi. Yuksak nuqtalardan hamma narsa ravshan ko‘rinib turardi. Partiya o‘z mulki uchun haddidan oshgan jamoatchilikka qarshi qaqshatqich urush olib bormoqda edi. Bu urushda u muntazam ravishda KGBning maxsus qismlari, desantchilar, ichki qo‘shinlar yordamiga tayanar, mulk qo‘ldan ketadigan darajaga yetganda esa, hatto, tanklarni ishga solishdan ham toymas edi. Allaqachon Vilnyus va Rigada o‘qlar gumburladi — bu shaharlarda partiya mulkiga qattiq xurujlar bo‘lgandi. Janubiy respublikalardan esa yanada mudhish xabarlar kela boshladi. To‘g‘ri, bu yerlarda hech kim partiya mulkiga ko‘z olaytirgani yo‘qday edi, biroq partiya apparatidagilarning o‘zlari Moskvaga o‘lpon to‘lamay qo‘ydilar, milliy mustaqillik haqidagi tavallolar eshitildi, Leninning nomini qo‘yib, ko‘proq Qur’onni tilga ola boshlashdi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:16:05
Imperiyaparast kuchlarning so‘nggi qoldiqlari KGB raisi Kryuchkov va bir to‘da harbiylar hamda tepsa-tebranmas partiya rahbarlarining atrofiga to‘planib olib, bepoyon imperiya ustidan o‘z hokimligini saqlab qolish uchun jon-jahdlari bilan kommunizmni mafkura sifatida ushlab turishga urindilar. Holbuki, uning halokati muqarrar bo‘lib qolgandi. Nochorlikdan ular yana Saddam Husaynni eslashdi. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilgandan so‘ng Iroq bilan Eron o‘rtasidagi urushga ehtiyoj qolmadi va u o‘z-o‘zidan barham topdi. Har ikkala tomon taxminan bir milliondan odam yo‘qotdi. Husayn Isroilni erinibgina so‘kishdan nari o‘tmagani uchun bekorchilikdan siqilib ketgandi. Unga ish topib berishdi. O’ylangan rejaning istiqboli porloq ko‘rindi. Husayn qo‘shini Quvaytga hujum qilib, uni bosib oladi. Quvayt amirining gvardiyasi nomigagina mavjud bo‘lib, tabiiyki, u Saddamning million kishilik armiyasiga durustroq qarshilik ko‘rsata olmaydi. Saddam armiyasi tish-tirnog‘igacha eng yangi sovet texnikasi bilan qurollangan va bundan tashqari Eron bilan salkam o‘n yillik urush tajribasiga ega. Saddam Quvaytning benihoya boy neft maydonlarini bosib oladi, Quvayt Iroqqa bir viloyat sifatida qo‘shiladi. Bu reja bir narsaga asoslangan edi: Qo‘shma Shtatlar bunaqa xalqaro bosqinchilikka indamay qarab turolmaydi va Iroqqa qarshi urush ochishga majbur bo‘ladi, agar shunday qilmasa, AQSh jahondagi qudratli davlat sifatida obro‘yini yo‘qotib qo‘yadi. AQSh Iroq bilan urusha boshlasa, xuddi Vetnamdagi kabi uzoq davom etadigan qonli urush botqog‘iga botib qoladi. SSSR bilan Iroq o‘rtasida esa do‘stlik haqida bitim bor. Shunday ekan, Qo‘shma Shtatlar bundan buyon SSSRda «demokratik islohotlar»ni izchillik bilan amalga oshirilgani uchun emas, SSSR betaraflik mavqeida turgani uchun haq to‘laydigan bo‘ladi. Bu esa bir zumda G’arbning SSSRga ko‘rsatayotgan iqtisodiy va moliyaviy tazyiqini susaytiradi va Gorbachyov boshlagan islohotlarni bir chekkaga surib qo‘yishga imkon beradi.

Husayn bajonidil rozi bo‘ldi. Uning o‘zi anchadan beri Quvayt va Saudiya Arabistonining behisob boyliklariga ko‘z olaytirib yurardi.

Husayn SSSRdan ma’naviy jihatdan yordam berishga va’da oldi va shaxsan o‘zi uchun «xizmat haqi» tarzida 2 million dollar undirdi. So‘ng armiyasiga Quvaytni bosib olish to‘g‘risida buyruq berdi. Armiya bu buyruqni 30 soat ichida hech qanaqa talafot ko‘rmay bajo keltirdi. Boshdan kutilganiday AQSh darhol o‘z qo‘shinlarini Saudiya Arabistoni tomon ko‘chira boshladi. Bu mamlakatning qo‘rqib ketgan qiroli Vashingtondan yordam so‘ragan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:16:52
Saddam Husayn panasida partiya handaqlardan chiqdi va mamlakatda o‘zining avvalgi hokimiyatiyu shon-shuhratini tiklashga urinib ko‘rdi.

Ammo bu voqealar Gorbachyov bilan Shevarnadze AQSh hamda Yevropadan qarz olish to‘g‘risidagi muzokaralari ayni avjga chiqqanda ro‘y berdi. Ularning ikkovi ham darhol Quvaytning bosib olinishini qoralab chiqdilar. Saddam Husayn haddan tashqari bema’ni ahvolga tushib qolgan edi. Tepsa-tebranmas rahbarlar Gorbachyovga tazyiq o‘tkaza boshladilar, matbuotda va Oliy Sovetda unga qarshi janjal ko‘tardilar va hatto, Saddam Husaynning suratlari bilan namoyishlar uyushtirdilar. Har nima qilib bo‘lsa-da, AQShdan va G’arbdan yuz o‘girib, boshqarib bo‘lmay qolgan sovet kemasini yana eski Lenin-Stalin yo‘liga burib yuborishga harakat qilindi.

Ammo Gorbachyov ham anoyi emasdi — u umumiy yemirilish va tanazzul davridagi yirik siyosatchi edi. U o‘zining halokatini his qilib chuvvos solayotgan partiya rahbarlarining qiyofasiz olomonidan bir necha bosh yuqori turardi. U o‘rtamiyonachilik muhitida yo‘lini topib yurishni juda yaxshi o‘rgangan va bo‘ronlarni ham, to‘fonlarni ham o‘z izmiga solish mashqini olgan edi. Dadillik bilan harakat qilib, u har bir qadami bilan jon talvasasida yotgan tuzumga so‘nggi zarbalarni berdi va nomenklaturani salaflari olib kirib qo‘ygan boshi berk ko‘chadan qutqarib olib chiqdi. Shuning uchun nomenklaturaning ko‘pchiligi so‘nggi Bosh kotib siymosida o‘z xaloskorini ko‘ra boshladi va hech narsaning fahmiga bormaydigan tepsa-tebranmaslarni tarix axlatxonasi tomon surib qo‘yib, Gorbachyovning siyosiy nayranglarini qo‘llab-quvvatlay boshladi.

Ana shu voqealar avjga minganda, hatto, Shevarnadze ham ortiq chidayolmadi — u to‘g‘ridan-to‘g‘ri s’ezd minbaridan turib iste’fo berdi. U hademay SSSRning kunpayakun bo‘lishini ko‘rib turardi. Halok bo‘layotgan davlatning Tashqi ishlar vaziri bo‘lish endi uni qanoatlantirmasdi. Uning butun fikri zikri jonajon Gruziyasida edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:17:45
Bu orada amerikaliklar «o‘rtoq Husayn»ning armiyasini shu qadar tez va qat’iyat bilan tor-mor keltirdilar-ki, Moskvada hech kim nima voqea ro‘y berganini dabdurustdan payqamay ham qoldi. Janglarda chiniqqan minglab Iroq askarlari asirga tushdilar, Quvayt bir kecha-kunduz davomida ozod qilindi, Amerika tanklari uchun Bag‘dodga yo‘l ochiq edi. Ammo eng muhimi bunda emasdi. Inqiroz shunda ediki, AQSh mutlaqo yangi qurollar tizimini namoyish etdi. U elektron urushiga xos yangi uslublarni ko‘rsatdi, har xil qo‘shin turlarining boshini juda zo‘r mahorat bilan qovushtirdi. Bunaqa harbiy san’at va harbiy qurollardagi mukammallikni sovet generallari hamda Harbiy-sanoat kompleksi yetakchilari yetti uxlab tushida ham ko‘rmagandi.

Vashington iqtisodiy va moliyaviy hujum vositalaridan tashqari dollarni sovet tafakkuri yaxshiroq tushunadigan boshqa usullar bilan ham qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ymoqchiday edi. Butun dunyoda moliyaviy hukmronlikni o‘rnatish haqidagi rejaning oxirgi bosqichi boshlandi: bu bosqichda AQSh o‘zining po‘lat muskullarini namoyish qildi. Qo‘shma Shtatlarni uzoq davom etadigan urushga tortish rejasi barbod bo‘ldi. Bu esa mamlakat ichida va butun jahonda sodir bo‘layotgan voqealar oqibatida bir to‘da bo‘lib uyusha boshlagan Gorbachyovga qarshi muxolifat kuchlarini hang-mang qilib qo‘ydi. Muxolifat sarosimada yurar ekan, Boris Yeltsin RSFSRga prezident qilib saylandi. U Rossiyadagi jamiki davlat tizimini partiyadan xoli qilishga va’da berib, bu martabaga erishdi. Yeltsin prezident bo‘lishi bilanoq, partiyadan xoli qilish haqida maxsus farmon chiqarib, va’dasini bajardi. Shu vaqtning o‘zida Gorbachyov Umumqo‘shin partiya qo‘mitasini tuzdi va Kruchinaga bu yangi partiya hisobiga 600 million so‘m o‘tkazish haqida buyruq berdi.

Kruchina yangi vazir Orlov boshchiligidagi SSSR Moliya vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishgan edi. Moliya vazirligining yordami bilan KPSS amalda juda yirik «Avtobank»ning xo‘jayini bo‘lib oldi. Shu tufayli uning hisobiga bir milliard so‘m o‘tkazdi. «Avtobank» boshqaruvi raisi Moliya vazirining birinchi muovini V. Raevskiyning xotini N. Raevskaya bo‘ldi. Ikki tomondan bunday kuchli himoyaga ega bo‘lgan «Avtobank»ning pichog‘i moy ustida. SSSR Moliya vazirligi Bosh byudjet boshqarmasining boshlig‘i V. Barchuk (hozir Rossiya Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi muovini) partiya homiyligidagi «Avtobank»ga hech qaysi davlatda bo‘lishi mumkin bo‘lmaydigan bir sovg‘a qildi: unga davlat tashkilotlaridan qarzlarni undirib olish huquqi berildi. Bu huquqqa erishish har qanday bankirning ham eng ardoqli orzusi edi. (Hozir o‘sha V. Barchukning o‘zi qanday qilib shunday voqea ro‘y berishi mumkinligini tekshiruvchi tergov komissiyasi raislaridan biri.)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:20:06
Ammo «Avtobank» dengizdan tomchi edi, xolos. Kruchina KPSS tasarrufidagi yoxud unga qaram bo‘lgan banklarning maxfiy ro‘yxatini sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdi. Partiyaning pullarini shosha-pisha shu banklarga tiqishtirishgan edi.

1. Avtobank — yiliga 7 foizlik daromad bilan bir milliard so‘m.
2. SSSR Kasaba uyushmalari banki — 500 million so‘m, yiliga 4,5 foiz daromad bilan.
3. Tokobank — 150 million so‘m, 7 foizlik daromad bilan +70 million so‘m hissadorlik badali.
4. Yoshlar tijorat banki — 275 million so‘m, 9 foiz daromadi bilan.
5. Unikombank — 500 million so‘m, 10 foizlik daromad bilan.
6. Soat sanoati banki — 50 million so‘m, 7 foizlik daromad bilan.
7. Stankinbank — 50 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
8. «Rossiya» banki (KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasi orqali) — 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
9. Glavmoststroybank (Qozog‘iston kompartiyasi Markazqo‘mi orqali) — 90 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
10. Qozoqkompartbank (Qozog‘iston kompartiyasi Markazqo‘mi orqali) — 100 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
11. Kichik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Sovet jamg‘armasi — 40 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
12. «Logos» eksperimental birlashmasi — 40 million so‘m, 15 foiz daromad bilan.
13. «Shiva» savdo ishlab chiqarish korxonasi – 5 million so‘m.
14. Yangi xo‘jalik shakllari va ijtimoiy tashabbuslar Butunittifoq uyushmasi – 60 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
15. «Ittifoq - V» korporatsiyasi — 200 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
16. «Galaktik» kichik korxonasi – 250  million so‘m, 12 foiz daromad bilan.
17. Troitsk Innovatsion va termoyadro tadqiqotlar instituti («Galaktik» kichik korxonasi orqali) – 50 million so‘m.
18. «Jobrus» mas’uliyati cheklangan jamiyat – 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
19. «Xolding LTD» ishlab chiqarish-tijorat firmasi – 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
20. Moskva munitsipal tashkiloti – 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
21. «Vatan» Rossiya ijodiy uyushmasi – 1,125 million so‘m (kinofilm yaratish uchun), filmni namoyish etishdan tushadigan 25 foiz daromad bilan.
22. «O’choq» ijodiy uyushmasi – 10 million so‘m (kinofilm yaratish uchun), 25 foiz daromad bilan.
Hammasi bo‘lib 3 milliard 634 million 125 ming so‘m.

Bu birinchi ro‘yxat bo‘yicha. Bundan keyin №2, №2A, №2A—6, №3—V... raqamli ro‘yxatlar keladi.

Bu milliardu millionlardan kalla shishib ketadi. Ammo hali bular xamir uchidan patir.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:22:05
Yuqorida zikr etilganidek, KPSS qarigan chog‘ida Rossiya Kompartiyasi degan g‘ayriqonuniy bola ko‘rdi. Bola bo‘lgandan keyin, albatta, uning xarajati ham bo‘ladi. Ayniqsa, bola Rossiya Kompartiyasidek nimjon va ochofat tug‘ilgan bo‘lsa...

RKP Ishlar boshqarmasining mudiri Igor Golovkov makkora onasining ish uslubini darrov o‘zlashtirib oldi va 1991 yilning fevral oyidayoq «RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mining ishlab chiqarish — xo‘jalik faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar to‘g‘risida» degan maxfiy doklad tayyorladi. «RSFSR banklari to‘g‘risidagi» Qonun jamoat tashkilotlariga banklar ta’sis qilishni taqiqlab qo‘ygandi. Golovkov shu Qonunni ushlab olib, hamkasb do‘stlariga nasihat qiladi: «... Muassislar izlamoq kerak. RSFSR Kompartiyasining korxonalari va tashkilotlari shunday muassis bo‘lmog‘i mumkin».

Shunday deyilgandan keyin boshlandi-ketdi...

«So‘nggi paytlarda joylarda partiya qo‘mitalari byudjetning daromad qismini to‘ldiradigan katta xo‘jalik shartnomalari tuza boshladilar: ular imoratlarni, transport vositalarini va boshqa partiya mulkini ijaraga bera boshladilar. Partiya qo‘mitalarining o‘zi tomonidan yoxud boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ta’sis qilingan o‘z-o‘zini ta’minlovchi bir qator tashkilotlar ro‘yxatga olindi. Leningradning Primore rayonida o‘z-o‘zini ta’minlovchi ijtimoiy markaz tashkil qilindi. U raykom binosida joylashgan. Markaz rayon aholisining manfaatlari yo‘lida ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazadi va o‘z faoliyati natijasida ko‘rgan foydasining bir qismini KPSS va Rossiya Kompartiyasi rayon qo‘mitalari hisobiga o‘tkazadi... EHM, bir marta ishlatiladigan tibbiyot ignalari, telemahsulotlar, qurilish materiallari va boshqa buyumlarni birgalikda ishlab chiqarish haqida, shuningdek, tashqi savdo faoliyatini, turizmni, mehmonxonalar qurilishini rivojlantirish borasida ham anchagina, shu jumladan, xorijiy firmalardan takliflar bor. Bu sohada paydo bo‘layotgan hamma tashkiliy-texnik va iqtisodiy masalalarni hal qilish uchun Markazqo‘mning Ishlar boshqarmasi qoshida o‘z-o‘zini ta’minlash asosida byuro ta’sis etishni zarur deb hisoblaymiz. Bu byuro markaziy tijorat birjasi sifatida faoliyat ko‘rsata oladigan bo‘lishi lozim...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:23:46
Navqiron va gullab-yashnayotgan Rossiya Kommunistik partiyasi tez orada bolalay boshladi. Dastavval u jamiyatga o‘zining to‘ng‘ichi — Jirinovskiyning Liberal-demokratik partiyasini tuhfa etdi. Yangi partiyaning tug‘ilish guvohnomasida shunday yozilgan:

«RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mining Ishlar bo‘limi ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyat haqidagi qoidalar asosida harakat qilib, bir tomondan, Markazqo‘m Ishlar boshqarmasining boshlig‘i o‘rtoq Golovkov siymosida, ikkinchi tomondan, «Zavidiya» firmasining prezidenti Andrey Fyodorovich Zavidiya siymosida (bundan keyin u «firma» deb ataladi) quyidagilar haqida bitim tuzdilar:

Boshqarma «firma» ixtiyoriga vaqtincha bo‘sh bo‘lgan mablag‘dan 3 (uch) million so‘m o‘tkazadi (foizsiz qarz)».

Bu bitimning siyohlari qurib bitmasdan Jirinovskiyning partiyasi dunyoga keldi. Jirinovskiy bir zumdayoq o‘zini Rossiya prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatdi, vitse-prezidentlikka esa bitimda «firma» deb atalmish Andrey Fyodorovich Zavidiyani tanladi.

Shunga o‘xshash Rossiya Milliy vatanparvarlik ishchi-partiyasi ham tuzildi: RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi bir tomondan boshqarma boshlig‘i M. I. Golovkov siymosida va ikkinchi tomondan, Davlat eksperimental ilmiy-texnik ishlab chiqarish markazi «Kartel» (u Bosh direktor A. Yu. Vankovich siymosida nizomnoma asosida harakat qiladi) quyidagi masalalarda mazkur bitimni tuzishadi:

«Boshqarma markaz ixtiyoriga vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘idan 3 (uch) million so‘m o‘tkazadi. Bu pul qaydnomada bayon qilingan maqsadlarga sarf qilinadi... Mazkur bitim 2-sonli maxfiy qaydnomaga rioya qilinganidagina amalga kiradi».
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:24:44
Rossiya Kompartiyasi millatchilik va fashistik ruhdagi guruhlarning tug‘ilishiga yo‘l ochib berdi, lekin shunga qaramay, «kommunistik partiya» degan nomi qolaverdi. Bu partiya ham nomenklatura qonun-qoidalariga to‘la amal qilardi, ya’ni hamma narsadan ko‘proq o‘z rahbariyatining shaxsiy farovonligi to‘g‘risida tashvish chekardi. Bu paytga kelganda butun mamlakat talon tizimining asoratida qolgan edi — xuddi urush yillaridagi kabi mahsulotlarning hamma turlari talon bilan beriladigan bo‘lgandi. Rossiya Kommunistik partiyasi hozircha o‘zining keksa onasi KPSSning maxsus taqsimlagichlaridan yem yeb yurib, zo‘r berib nomenklatura chegaralarini kengaytirar va o‘zining maxsus taqsimlagichlar tizimini barpo qilardi.

«RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mining Ishlar Boshqarmasi bir tomondan, boshqarma boshlig’i — qoidalar asosida ish olib boruvchi Igor Mixaylovich Golovkov (bundan buyon «Boshqarma» deb ataladi) siymosida va Kuntsevo rayon sovetining «Nur» savdo-sanoat birlashmasi quyidagi masalalarda mazkur bitimni tuzdilar:

...Boshqarma Birlashmaga 500 ming so‘m miqdorida foizsiz qarz beradi. Birlashma bu mablag‘ini savdo va maishiy xizmat idoralarini, shu jumladan, RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mi apparati va Boshqarma xodimlariga xizmat ko‘rsatadigan magazinlarni ta’mirlashga sarflaydi. Birlashma RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mi apparati xodimlariga uch yil mobaynida har haftada oziq-ovqat mahsulotlari bilan, shu jumladan, «Mongrifles» qo‘shma korxonasining mahsulotlari bilan ta’minlash borasida, shuningdek, uch oy mobaynida bir marta sanoat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida xizmat ko‘rsatishni zimmasiga oladi...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:25:22
Yangi tug‘ilgan farzandi tez ulg‘ayib borayotganini mamnuniyat bilan kuzatar ekan, KPSS o‘zining o‘gay farzandlarini, ya’ni Sharqiy Ovrupodagi kompartiyalarni ham unutgani yo‘q. Bu kompartiyalar hokimiyatdan va molu mulkdan mahrum bo‘lgach, yangi sotsialistik va sotsial-demokratik liboslarga o‘ranib olib, butunlay savdo-sotiq ishlariga berilib ketdilar. Ular ham G’arbda maxfiy ravishda o‘zlarining qo‘shma korxonalarini tuza boshladilar. Shuning uchun KPSSdan o‘zaro manfaatdorlik asosida dollar olib, korxonalarga sarflashga tayyor edilar.

Tajriba bilan o‘rtoqlashish uchun Varshavaga Kruchinaning muovinini jo‘natishdi. Pospelov esa shunaqa safardan qaytib kelib, hisobotida yozdi: «Ba’zi bir mamlakatlardagi mavjud qonunlar partiyaning o‘z korxonalari bo‘lishiga yo‘l qo‘yadi. Bu qonundan yaxshi foydalanishmoqda. Shu bilan birga rasman partiya bilan bog‘liq bo‘lmagan tizimlarni barpo etishga ham katta e’tibor berilmoqda. Shu maqsadda partiya mablag‘iga xususiy firmalar tuzishdan foydalanilmoqda. Ular o‘zaro ishonch asosida tuziladi, bu ishda chet el sarmoyasi ham jalb qilinadi. Bu borada ko‘proq hissadorlik jamiyati, jamg‘arma, mas’uliyati cheklangan jamiyat kabi tashkiliy shakllardan foydalaniladi. Bunday shakllar siyosiy mulohazalar asosida mulkni o‘zlashtirib olish imkoniyatlarini ancha cheklaydi».

Sharqiy Ovrupo kompartiyalari ham makkorlikda o‘zlarining Moskvadagi xo‘jalaridan qolishmas edilar, ammo ular qo‘shni kapitalistik mamlakatlardagi turli-tuman mayda firmalar bilan ko‘pdan beri izga tushib qolgan an’anaviy aloqalarga ega edilar. Bu aloqalarning esa foydasi katta bo‘lishi mumkin edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:26:10
Nikolay Kruchina bir zumda «Ishlab chiqarish xo‘jalik faoliyati masalalarida Markaziy va Sharqiy Ovrupo mamlakatlarining so‘l partiyalari bilan KPSSning hamkorligi to‘g‘risida» degan hujjatni tayyorladi.

Uning ketidan darhol KPSS Markazqo‘mi Kotibiyatining qarori chiqdi.

«KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasiga belgilangan tartibda Markaziy va Sharqiy Ovrupo mamlakatlarining so‘l partiyalari bilan hamkorlikda xorijda qo‘shma xo‘jalik qurilmalari barpo etishda ishtirok qilishga ruxsat berilsin. Bunda e’tiborga olinsinki, Sovet tomonidan muassis sifatida KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi tasarrufidagi yuridik shaxs bo‘lgan korxonalar ishtirok etadi... Sotsial-demokratik ishchi partiyasi rahbariyatiga Polshada qo‘shma Sovet — Polsha firmasi ochishga rozilik berilsin. Bu firma savdo-sotiq va vositachilik ishlari bilan, shu jumladan, chegaraga yaqin joylardagi savdo-sotiq, xorijiy turizmni rivojlantirish, maslahatlar berish, marketing sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi... KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasining xorijdagi xo‘jalik faoliyatidagi, shu jumladan, qo‘shma korxonalar tuzishdagi ishtiroki moliyaviy jihatdan qardosh partiyalarning firmalari orqali so‘mga xarid qilingan tovarlarni sotish hisobiga ta’minlansin.

Polsha respublikasi sotsial-demokratiyasi ixtiyoriga 1991 yilda yordam tariqasida KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasining sanatoriylari va dam olish uylariga 30 ta yo‘llanma ajratilsin. Unga bu yo‘llanmalarni o‘z a’zolari o‘rtasida yoki G’arbdagi turistik firmalarning vakolatxonalari orqali erkin tijorat asosida tarqatish huquqi berilsin...»
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:26:51
Ma’lumki, turizm sohasi dunyodagi eng daromadli biznesdir. Shuning uchun KPSS o‘z tasarrufidagi son-sanoqsiz mehmonxonalar, otellar, dam olish uylari, kempinglar va mamlakatning eng yaxshi dam olish mintaqalarida joylashgan sanatoriylarni balansdagi qiymatlari narxida, ya’ni asliga qaraganda 10 baravar arzonroq narxda turli-tuman qalbaki hissadorlik jamiyatlariga oshirib yubordi. Bu jarayon partiya tasarrufidagi mehmonxonalar sanoatining bayroqdori — KPSS Markazqo‘mining «Oktyabrskaya» degan ulug‘vor mehmonxonasidan boshlandi. Buning uchun 1991 yil 17 aprel kuni KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi bilan «Kenguru» degan Amerika firmasi (aslida AQSh Kompartiyasi tomonidan tuzilgan qalbaki firma) «Arbat» degan qo‘shma korxona ta’sis etdilar. KPSS Markazqo‘mi nomidan «Oktyabrskaya» mehmonxonasi majmui muassis bo‘ldi, holbuki bu majmua huquqiy shaxs emasdi. Bu operatsiyani mas’ul shaxs Kruchinaning muovini V. Leshchinskiy amalga oshiradi. Ish jarayonida mehmonxona majmuining bahosi balans qimmatiga ko‘ra 3 million 450 ming 419 so‘m deb belgilandi va shu bahoda «Arbat» qo‘shma korxonasiga topshirildi. Holbuki, foydali maydoni 5700 kvadrat metr bo‘lgan majmuaning haqiqiy bahosi 25 million dollar edi.

Bundan bir bahya pastroq darajada ish yuritgan KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining tolmas Ishlar boshqaruvchisi (ayni choqda, u — Belgiya biznesmeni) Arkadiy Krutixin Kruchinadan farmon tarzidagi hujjatlarni olishi bilanoq darhol Leningradda cheklangan mas’uliyatli «Reys-merej Limited» xususiy kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Unga «Rosbri Interneshenel» va «Atcherli Interneshenel» firmalari kirdi. Oradan o‘n kun o‘tar-o‘tmas yangi jamiyatning uchinchi a’zosi bo‘lib KPSS viloyat qo‘mitasining Ishlar boshqarmasi qo‘shildi. U hissadorlik badali sifatida o‘z mehmonxonalaridan birini — Tavriya ko‘chasidagi muhtasham «Merkuriy» mehmonxonasini berdi. Uch oydan keyin — 1991 yilning iyulida Leningrad viloyat qo‘mitasi «Reysmerej Limited» tarkibiga o‘zining ikkinchi mehmonxonasi «Smolnenskaya»ni ham qo‘shishga qaror qildi, shuningdek, uning yoniga viloyat qo‘mitasining garajini va Toshoroldagi rezidentsiyani qo‘shib berdi. Imoratlar, inshootlar, aslaha-anjom va boshqa buyumlarning umumiy balans qimmati 13,5 million so‘m bo‘ldi. Haqiqiy bahosi esa bundan 10 baravar yuqori bo‘lib, dollarda o‘lchanardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:29:41
Bir bahya yuqorida ishlar bundan ham avjida edi. KPSS Markaziy Qo‘mitasining Xalqaro bo‘limi Bosh Vazir Pavlovga va Tashqi ishlar ministri Bessmertnixga Angola Tashqi ishlar vaziri Van-Dunem bilan muzokaralarda bu mintaqada sovetlar ta’sirini mustahkamlashga qaratilgan ba’zi bir xatti-harakatlar qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Maxfiy tavsiyalarning mazmuni quyidagicha edi: Angola va qo‘shni Mozambikda hokimiyat tepasiga kommunistlar kelgandan keyin har ikkala mamlakat ham qo‘shnilariga va ichki muxolifatga qarshi uzluksiz urush olib bordi. Ular qurol-aslahani SSSRdan olishdi va qurol evaziga biri 9 milliard, ikkinchisi 3,7 milliard dollar qarz bo‘lib qoldi. Ammo vaqt-soati kelib, bu qarzni uzishlaridan hech qanaqa umid yo‘q. Bu mamlakatlarning ikkalasida ham mustamlakachilik zamonlarida portugaliyaliklar derazalaridan Atlantik va Hind okeanlarining manzaralari ko‘rinib turadigan juda muhtasham mehmonxonalar qurishgan. Hokimiyat vakillariga qarz evaziga ana shu mehmonxonalarni talab qilib olish va ularni kommunistik partiyaning mulkiga qo‘shish haqida ko‘rsatma berildi.

KPSS Markazqo‘mining Xalqaro bo‘limi va KPSS Markazqo‘mining Ishlar boshqarmasi tarixdagi eng qudratli jinoyatkorlar tashkiloti edi. Ular hamma narsa bilan: milliard-milliard dollarlik ishlardan tortib eng oddiy, eng xashaki qotillikkacha shug‘ullanganlar. Ular qalbaki pullar, pasportlar, muhrlar, chek daftarchalari, sertifikatlar yasashgan, xorijdagi terrorchi va jinoyatchi tashkilotlarning boshini qovushtirib turgan, dunyodagi hamma mafiyalar bilan aloqa o‘rnatgan, bundan foydalanib, mamlakatlar o‘rtasida urushlar chiqargan, xalqlar orasida nizolar tug‘dirgan. Agar vaqt-soati kelib tarixchilarga bu kommunistik tashkilotlarning arxivlariga yo‘l ochilib qolsa, ular tomonidan Eski maydonda sodir etilgan jinoyatlarni jahon ahliga yetkazish uchun kamida 500 yil vaqt kerak bo‘ladi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 00:37:32
O’zlarining jasoratli rejalarini amalga oshirish uchun KPSS Markazqo‘mining Moskva viloyat qo‘mitasi va Ishlar boshqarmasi na KGB, na Davlat razvedka boshqarmasi kuchlariga tayangan. Bu borada shunaqa narsalar mavjud edi-ki, ularni, hatto, KGB ham mutlaqo bilmasdi. Ishlar boshqarmasi ixtiyorida maxsus operativ guruh bo‘lib, uning rasmiy nomi ham yo‘q edi. Hozircha u «Zet» maxsus bo‘linmasi» deb atalardi. Bu guruh KGBga qaraganda bir necha baravar ko‘proq huquq va vakolatga ega edi. Uni o‘z vaqtida Lenin ChKga va apparatga qarshi kurashish uchun tuzgandi. Stalin uni mustahkamladi va shu bo‘linmani o‘z shaxsiy hokimiyatining quroliga aylantirdi. Ayni shu maxsus guruh istagan nomenklaturachi kabinetiga bostirib kirishga haqli edi va uning burnini qisqichlar bilan qisib, qilgan jinoyatlarini chin yurakdan tan olishini talab qila olardi. Hatto, xavfsizlik vazirlari ham istalgan vaqtda qo‘llariga kishan urib hovliga sudrab chiqish va u yerda otilib ketish xavfidan xoli emas edilar. Ularning bunday gumonsirashlari bejiz bo‘lmaganligini tarix isbot qildi. Hozir bu «Zet» maxsus bo‘linmasi» nisbatan tinch ish bilan mashg‘ul — mamlakatdan xorijga oltin zaxiralarini tashimoqda. Bu ishni KGBdagi laqmalarga sira-sira ishonib bo‘lmasdi.

Ammo KGB ham bekor o‘tirgani yo‘q. To‘g‘ri, sodir bo‘layotgan voqealarning hammasiga Kryuchkov o‘ta salbiy munosabatda edi. U sobiq xo‘jayini va valine’mati Yuriy Andropov ijod zahmatlarini torta-torta, «xalq dushmani» degan eskirib siyqasi chiqib ketgan ibora o‘rniga yangisini o‘ylab topganini yaxshi eslaydi. Yangi yorliq shunday ediki, uni farrosh xotindan tortib marshalgacha istagan odamga yopishtirish mumkin bo‘laverardi. U «G’arb ta’sirining agenti» deb atalardi. Bir oz cho‘zilibroq ketgan. Shuning uchun o‘ylab ko‘rib «g‘arb» degan so‘zni olib tashlashga va jo‘ngina «ta’sir agenti» yoxud «TA» deb qoldirishga ahd qilishdi. Shu qisqartma so‘zni hisob varaqalariga va jinoiy ishlarning ustiga yozib qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Juda zo‘r chiqdi. Ta’sir agenti. Ta’sir agentining xotini TAX, ta’sir agentining oila a’zolari TAOA, ta’sir agentining bolalari TAB, ta’sir agentlarini qo‘llovchilar TAQ bo‘ladi. (Esingizdami — Leninda ham bu ibora bor edi —«qo‘llovchilar, qo‘llashga qobil bo‘lganlar otib tashlansin!» Lenindan andoza olib yashang — xato qilmaysiz.)
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:09:17
Marhum Andropov shunaqa choralar bilan bosib kelayotgan dollarga qarshi kurashmoqchi edi, lekin ulgurmadi. Kryuchkov esa butun mamlakat bahaybat «ta’sir agenti»ga aylanib qolganini ko‘rib, bir oz kechikib bo‘lsa-da, bu novatorona atamani odamlarning ongiga singdirishga urindi. Ammo uning urinishini, hatto, qo‘li ostidagi xizmatchilari ham qo‘llamadi. Lubyankaning o‘zida «ta’sir agentlari» Nyu-York birjasidagiga qaraganda ham ko‘proq urug‘lab ketgandi. KGBning hamma oliy va o‘rta rutbali rahbariyati allaqachonlardan beri sovet so‘miga ijirg‘anib qarashardi — ular maoshni valyutada olishardi. Buni aytmayoq qo‘yaqolaylik. KGBning butun boshli bo‘limlari bozor munosabatlariga shunchaki kirib borishmadi, balki raqobatchilarini ezib-yanchib, jon-jahdlari bilan yorib kirishdi. Ular o‘z xatti-harakatlari loaqal zohiran qonuniy ko‘rinishga ega bo‘lishi kerakligini ham xayollariga keltirgani yo‘q.

Kooperativ, kichik korxona yoki bo‘lmasa, xudo ko‘rsatmasin, biron qo‘shma korxona tashkil qilishga uringan, lekin biron yirikroq partiya tashkilotida suyanadigani bo‘lmaganlarning ahvoli voy edi — darhol ta’qib ostiga olinar, korxonalari yopib qo‘yilar, qamoqqa tashlanar, xonavayron qilinar, mulklari musodara etilar, talanar, ba’zi bir mulk egalarining ustiga reketchilar qo‘yib yuborilar yoki 1918 yildagiday, inqilobiy shijoat bilan shilinar edi. Hatto, Rossiya Bosh vaziri muovini Filshin 140 milliard rus so‘mini aholi uchun tovarlarga almashtirib, qonuniy «transfert» operatsiyasini amalga oshirmoqchi bo‘lganida, KGB katta janjal ko‘tarib, bu ishning beliga tepdi. Bu borada bitim tuzish uchun Rossiya hukumatiga Kolin Gibbins degan inglizni ro‘para qildilar. O’z vatanida bu odam sovet josusi sifatida yaxshi ma’lum edi. Uni eng yangi harbiy texnologiya sirlarini SSSRga bermoqchi bo‘lgan vaqtida to‘rt marta qamoqqa olishgandi. Janjalning oldini olib bo‘lmadi. Bosh vazir muovini Filshin iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Pishib turgan ishning pachavasi chiqdi. Xususiy tadbirkor Artyom Atalyants ham xuddi shunday ishga qo‘l urganida, adi-badi aytishib o‘tirmasdan uni turmaga tiqishdi. 1986 yildan 1991 yilgacha 172 ming tadbirkor qamaldi — bularning bari KPSS uchun raqobatchi sifatida xatarli edi. Ularning ko‘pchiligi hozirga qadar (ya’ni 1994 yilgacha — tarjimon) turmada.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:11:50
KGBda allaqachon «iqtisodiyotni himoya qilish» bo‘yicha butun boshli yangi boshqarma tuzilgan edi. Bu boshqarmada «Yangi iqtisodiy qurilmalar» bo‘limi bo‘lib, unga general Aleksandr Sterligov rahbarlik qilardi. Bo‘lim bir zamonlar NEPning oyog‘iga bolta urilgan chog‘larda GPU amal qilgan eski usullar asosida ish olib borib, partiya ta’siridan chiqib biror-bir ish qilmoqchi bo‘lgan har qanday tadbirkorning ta’zirini berdi. Ayniqsa, dadillik bilan ish yuritgan birinchi sovet millioneri Artyom Tarasov tevaragida juda katta janjal qo‘zg‘aldi.

Kommunistlik vaqtida bir gal Tarasov 90 ming so‘m miqdorida oylik partiya badali to‘labdi. Demak, Tarasovning bir oylik daromadi 270 ming so‘m bo‘lgan. Sovet zamonida hali hech kim bunaqa daromad ko‘rmagandi. Tarasov SSSR xalq deputati sifatida deputatlik daxlsizligiga ega edi, shunga qaramay, KGB quturgan bo‘rini ovlaganday uning payiga tushdi. KGB uning idoralariga bostirib kirdi, xufiya va oshkora tintuvlar o‘tkazdi, hisob raqamlarini to‘xtatib qo‘ydi, tovarlarini musodara qiddi, bitishgan ishlarini yo‘qqa chiqardi. Natijada, «SSSR Prezidentining nomus va sharafini tahqirlagani uchun» Artyom Tarasovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi — Tarasov qaysidir intervyusida Gorbachyovni 200 million dollarga Kuril orollaridan birini sotib yubormoqchi bo‘lganlikda ayblagan ekan. Bu Gorbachyovga qilingan tuhmatmidi yoxud davlat sirini fosh qilishmidi — bu masala yechilmay, noma’lumligicha qolaverdi, lekin Artyom Tarasovni tala-tala qilishga SSSR Prokuraturasi ham aralashdi. SSSR Bosh Prokurori Trubininning shaxsan o‘zi Tarasovni deputatlik daxlsizligidan mahrum etib, qamoqqa olishni talab qildi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:13:07
Xuddi shu paytning o‘zida, Artyom Tarasov «Alisa» firmasiga uch million so‘m o‘tkazgan, degan gap ham oralab qoldi. Bu firmaga general Sterligovning jiyani, yigirma uch yoshli German Sterligov boshchilik qilardi. Yaqindagina MGU talabasi bo‘lmish German Sterligovning ishi tergovda edi — u o‘lpon to‘lashni istamagani uchun kooperativ do‘konlardan biriga o‘t qo‘yib yuborgandi. Tergov avji qizigan bir paytda to‘satdan ishni to‘xtatadilar va noshud reketchi, sirasini aytganda, birinchi sovet birjasining boshlig‘i bo‘lib qoladi. Bu birja, albatta, «ixtiyoriy ionalar» hisobiga bo‘lsa kerak, juda tez rivoj topib, bir necha birjalar tizimiga aylandi va birinchilardan bo‘lib, mamlakat chegarasidan hatlab o‘tib, Yevropaga kirib bordi.

Shundan keyin Artyom Tarasov g‘oyib bo‘lib qoldi. Birovlar uni turmada deyishdi, boshqalar suiqasddan keyin kasalxonada o‘lim to‘shagida yotibdi deyishdi, yana kimlardir uni xorijga qochib ketdi deb gap tarqatdi. Hech kim biron tayinli narsa bilmasdi. Hatto, g‘oyib bo‘lgan millionerni qidirishga tushgan prokuratura bilan militsiya ham voqeadan mutlaqo xabarsiz edi. Kutilmaganda prezident Yeltsinning nomiga Fransiyadan Artyom Tarasov nomidan maktub keladi. U Rossiya prezidentiga o‘zining deputatlik guvohnomasini qaytarib yuboribdi, maktubda esa Gorbachyov mening hayotimni rasvo qildi, shuningdek, millionlab boshqa sovet kishilarining ham turmushini izdan chiqardi deb, uni rosa changitib so‘kibdi. Bir zumda Tarasov o‘ldirilgan, maktub soxta, deputatlik guvohnomasi esa ilgari o‘g‘irlab olingan degan mish-mish tarqadi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatni larzaga solgan boshqa dahshatli voqealar boshlanib ketdi. Ular tufayli birinchi sovet millionerining sarguzashtlari sekin-asta unutila boshladi. Keyin Artyom Tarasovning daragi to‘satdan Londondan chiqib qoldi — bu yerda u «Alisa» firmasining xorijiy vakili sifatida ish olib borayotgan ekan. Bu paytga kelganda «Alisa» birjalar tizimi milliardlab so‘m bilan muomala qiladigan qudrat kasb etgan edi. Shunday bo‘lgandan keyin Babelning mashhur iboralarini yana bir marta eslamay bo‘ladimi? «Benya qaerda tugaydi-yu, politsiya qaerdan boshlanadi? Yoki politsiya qaerda tugaydi-yu, Benya qaerdan boshlanadi?» Bizning hikoyalarimizda esa «Benya» kim-u, «politsiya» («Politsiya» degani — bu o‘rinda KGB generali Aleksandr Nikolaevich Sterligov bo‘lib, u — hatto, bizning davrimizda ham g‘oyat noyob nusxa. «Fitna» vaqtida u Oq uyning eng faol himoyachilaridan bo‘ldi va hatto, o‘zining boshlig‘i Kryuchkovni shaxsan qamoqqa oldi. Keyinchalik Sterligov son-sanoqsiz intervyularda har ne qilib bo‘lsa-da, Kryuchkovni yomonotliq qilishga ko‘p urindi. U, ayniqsa, KGBning sobiq boshlig‘i «ta’sir agentlari»ni ovlashga boshlamoqchi bo‘lganini ko‘p ta’kidladi. Fincha yengi kalta ko‘ylak kiygan yoxud oyog‘ida nemis krossovkasi bo‘lgan odamlar ham «ta’sir agenti» hisoblanishi hech gap emas edi. Bundan keyin Sterligov vitse-prezident Rutskoyning mahkamasiga rahbarlik qila boshladi. Bu ishda xizmat qilar ekan, u o‘ngdan ham, so‘ldan ham so‘kish eshitdi. So‘llar uning o‘tmishda «chekist» bo‘lgani uchun gunohidan o‘tmadilar, o‘nglar esa xususiylashtirish ishlariga ishtiyoqi baland bo‘lgani uchun kechirmadilar. Ularning gaplariga qaraganda, qisqa muddat ichida Sterligov davlatga qarashli ikkita chorbog‘ni va har biri 50 kvadrat metrli ikkita kvartirani xususiylashtirib, o‘zlashtirib olgan. Oxir-oqibatda general Sterligov hammaga tupurib, o‘zining «Rus partiya»sini tuzgan. Bu partiyaning g‘oyaviy dasturida sionizmga qarshi to‘la g‘alabaga erishgunga qadar kurashishdan tashqari hokimiyat tepasiga kelgandan keyin har bir rus oilasiga bir million dollardan berish va’da qilingan (aftidan «Alisa»ning jamg‘armalaridan bo‘lsa kerak). Istaganlarning hammasiga tegishli tarzdagi sertifikatlar berildi (ular hozirgacha berilmoqda). Nevzorovga bergan intervyusida general Sterligov turmada o‘tirgan xo‘jayinining «hammasiga» ta’sir agentlari «aybdor» degan taxminini quvvatladi. Dengizchilar tili bilan aytganda, KGB generali Sterligov so‘lga «koordinat» qilib, yana avvalgi yo‘liga tushib oldi. Bu quvonarlidir. Qashshoq va lekin muttaham bo‘lgandan ko‘ra badavlat va halol bo‘lgan yaxshi-da!) kim degan masalaning o‘zi qorong‘i.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:13:55
Boshqa tomondan, KGB bir ish qildiki, uni milliardlab sovet so‘mini dollarga almashtirish ishiga xalaqit berish istagidan boshqa narsa emas deb atashga to‘g‘ri keldi. «Observer» degan Angliyada chiqadigan haftalik kutilmaganda Diana Miller deganning maqolasini e’lon qildi. Unda Amerikaning o‘nta yirik kompaniyasi juda katta miqdorda sovet so‘mini sotib olgani va bu pullarni sovet iqtisodiyotini izdan chiqarishga sarflamoqchi ekani aytilgandi-yu, lekin hech kim ishonmadi. Negaki, oradan ko‘p o‘tmay Diana Millerning yaqin o‘tmishda APNda muharrir bo‘lib ishlagani ma’lum bo‘lib qoldi. APN esa KGBning bir bo‘limi sifatida dong chiqargan edi. Diana Miller maqolasini e’lon qilgan kezlarda «Daynemik Transfer» qo‘shma korxonasining bosh direktori bo‘lib ishlar ekan. Qo‘shma korxonaga esa KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasi Ishlar bo‘limining boshlig‘i Arkadiy Krutixin asos solgan edi. Sovet razvedkasining doimiy fojiasi shunaqa. Tarixning eng qaltis daqiqalarida unga hech qachon hech kim ishonmagan.

KGBning bir boshqarmasi «Observer»da Diana Millerning maqolasini uyushtirar, boshqa bir boshqarmasi esa uni KGBning agenti sifatida fosh qilar ekan, Lyutsern degan Shveytsariya shahrining bir chekkasida SSSR Moliya vaziri Vladimir Orlovning o‘zi paydo bo‘lib qoldi. U 140 million so‘mlik «Transfert»ning to‘rtinchi bosqichini shaxsan nazorat qilish va kelishilgan miqdordagi dollarni tegishli bank hisoblariga o‘tkazilganiga amin bo‘lish uchun kelgan edi.

Bu orada Mixail Gorbachyov Londondan qaytib keldi. U yerda Gorbachyov «yettilar» kengashida ishtirok etgan va do‘sti Robert Maksvell bilan ancha masalalar to‘g‘risida suhbatlashib, kelishib olgan edi. O’zining oliy mansabida o‘tirgan Gorbachyov fursat yetib kelganini ko‘rdi. Shundan keyin u: «Kemani tark etinglar», — deya buyruq berdi. Uning yonida butun dunyo bayroqlari ostidagi kemalar suzib borardi. Ular g‘arq bo‘lib borayotgan kemani, undagi odamlar va yuklarni shatakka olishga tayyor edilar. Qoyalar tobora yaqinlashib kelardi. Gorbachyov kapitanlik o‘rnini tark etmay, sharoitni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:14:58
1991 yilning avgusti yetib keldi. KPSS amalda mamlakat hayotidan g‘oyib bo‘ldi. Vaqt-vaqti bilan televizor ekranlarida goh o‘rtoq Dzasoxovning nuroniy basharasi ko‘rinib qolardi — u milliy (!) madaniyatni saqlab qolish uchun Lenin haykallarini olib tashlamaslikka undardi, gohida esa Leningrad viloyat qo‘mitasining mafkura boshlig‘i Belovning qahru-g‘azabdan burishib ketgan aft-basharasi ko‘rinardi — u kimda-kim partiya mulkiga ko‘z olaytiradigan bo‘lsa, bu muqarrar ravishda fuqarolar urushiga olib kelishini aytib po‘pisa qilardi.

KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasida shosha-pisha qolgan pullarni taqsimlashga kirishdilar: 10 million so‘mni Ijtimoiy fanlar akademiyasiga, bir milliondan ortiqroq pulni bir nechta Lenin muzeyiga berishdi. Siyosiy byuroda hali ham kimlarnidir ishga tayinlash, kimlarnidir ish joyini o‘zgartirish, elchilar ayirboshlash, shartnomalarni ratifikatsiya qilish, vazirlikka va Markazqo‘m instruktorligiga nomzodlar muhokama qilinardi. Siyosiy byurodagilar chunonam ishga berilib ketib, o‘z kapitanlarining: «Kemani tark etinglar!» — degan buyrug‘ini eshitmay qolishdi. Bahaybat kema o‘tkir qoyalar sari tezlagandan-tezlab borardi. Amerikalik va ovrupolik qutqaruvchilar juda katta qiyinchilik bilan shatakka oladigan zanjirning bir uchini halok bo‘layotgan kemaga bog‘lashga muvaffaq bo‘ldilar, ular kemaning tezligini loaqal sekinlatishga va qoyaga urilishini jinday bo‘lsa-da, kamaytirishga umid qilishgandi. Bir to‘da tentaklar kemaning tryumiga biqinib olib jon saqlamoqchi bo‘lishgan edi. Shu payt ular tryumdan otilib chiqishdi-da, shatakka olgan zanjirni uzib tashlashdi va Gorbachyovning qo‘lidan kemani boshqaradigan chambarakni tortib olishdi. Ular hamon kemani qutqarib qolish mumkin deb hisoblashardi. Ular kema machtalarida o‘roq-bolg‘ali qizil bayroqni ko‘tarib, shitob bilan olg‘a tashlandilar. Dunyoning oltidan bir qismiga to‘g‘ri keladigan kema zarb bilan qoyaga urildi. Urildi-yu, taraq-turuq, darang-durung qilib bo‘lak-bo‘laklarga ajralib ketdi. Hamon kapitanlik o‘rnida nima qilarini bilmay suratday qotib turgan Gorbachyov yiqilib tushdi. Biroq apil-tapil o‘rnidan turdi-yu, o‘zini suvga otdi. Shu sababdan qutulib qoldi. Ko‘plar, «kapitan bo‘la turib, kemani hammadan avval tark etding», deya uni ayblashdi. Lekin bu to‘g‘ri emas edi. U haqiqiy kapitanlar kabi o‘ziga kerakli odamlarning hammasi xatarsiz joyga chiqib olganiga, yuklar ham qutqarib qolinganiga ishonch hosil qilgandan keyingina kemadan ketgan edi. Bu voqea «avgust fitnasi» deb nom oldi.

Shu voqealardan to‘rt kun o‘tgach — 19 avgust kuni KPSS va RKP faoliyati rasman taqiqlandi, ularning molu-mulki musodara qilindi, banklardagi hisoblari xatlab qo‘yildi. 14 kishi qamoqqa olindi. Bu juda vaqtida qilingan edi. Jamiki nomenklatura bitta qolmay yangi hokimiyat tizimlariga ko‘chib ulgurgan edi. Bu bilan ular o‘zlarining anoyi emasligini va mangu yashashlarini isbot qilgandi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:17:09
Nikolay Kruchina Duradgorlar tor-ko‘chasidagi nomenklatura uyining beshinchi qavatida joylashgan xonadoni balkonidan tushib ketib halok bo‘ldi.

Uning ketidan Kruchinadan avval Ishlar boshqarmasining boshlig‘i bo‘lib ishlagan Georgiy Pavlov ham uyining balkonidan yiqilib o‘ldi.

So‘ngra o‘n ikkinchi qavatdagi uyidan Markazqo‘mning Xalqaro bo‘limining mas’ul xodimi Dmitriy Lisovolik o‘zini tashlab yubordi.

Har bir ishda, ayniqsa, ishning oxirida qat’iy tartib bo‘lmog‘i kerak. Bu qoida RSDRPning III s’ezdidayoq tasdiqlangan edi.

Dunyoning narigi burchida o‘zining bejirim kemasida Robert Maksvell jonsiz (yoki hali joni uzilmay) yiqildi. Hatto, u ham dunyoning bunaqa ishlariga dosh berolmadi. Milliarderning jasadini uch kundan keyin dengizdan topishdi hamda hukumat a’zolari va harbiylardan tarkib topgan faxriy qorovul ishtirokida Quddusi sharifda tantana bilan dafn qilishdi. Kam bilsang, ko‘proq yashaysan!

Nomenklatura ustidagi eski kommunistik terini uloqtirib tashlab, tomirlarida yangi ijodiy kuch jo‘sh urganini his qildi. Bu kuchni markscha-lenincha tavallolar xiralashtirgan emasdi.

Davlat banki darhol sovet so‘mining dollarga nisbatan yangi kursini e’lon qildi, unga ko‘ra bir dollarning qimmati 100 so‘mga to‘g‘ri kelardi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:17:48
Nomenklatura tomonidan to‘plangan dollarlar valyutani qon qaqshatib, halok bo‘lib borayotgan mamlakat ustiga yopirildi. Dunyoning har xil tomonlaridan turli valyutalar bizga ko‘makka kela boshladi. Halok bo‘lgan mamlakatning milliy boyligi arzimagan pulga sotib yuborildi. Abjir nomenklatura hamma narsani xususiylashtira boshladi. Bu hozirgacha davom etmoqda. Nomenklatura fuqarosi 73 yil mobaynida g‘ayriqonuniy tarzda nimagaki egalik qilib kelgan bo‘lsa, hammasini xususiylashtirib, o‘ziniki qilib oldi.

Endilikda, albatta, hech qanaqa vositalar bilan bu boylikni qaytarib olib bo‘lmaydi. Asqotsa, faqat Lenin qo‘llagan vosita asqotishi mumkin. Xususiy mulkning daxlsizligi — bozor iqtisodiyotining asosidir. Aslida o‘zi shu maqsad ko‘zlangan edi. O’zining deyarli bir asr mobaynida to‘plagan tajribasiga tayanib, nomenklatura jami oziq-ovqat omborlarini egallab oldi-da, tovarning hammasini yakka o‘zi egalik qilayotgan valyuta birjalariga jo‘natdi. 800 tadan ortiq birja (AQShda bor-yo‘g‘i yettita birja mavjud) jazavaga tushib tovarlarni bir-biridan olib, bir-biriga sotib yotibdi, har gal olib sotganda ularning narxini osmonga chiqarib qo‘yadi va bu bilan milliy iqtisodiyotni o‘ldirib, tamom qiladi. Ichki savdoning deyarli yarmi dollarga o‘tdi. Kommunistik orzu o‘rnini dollar orzusi egalladi, ammo mamlakatdagi million-million qashshoq aholi uchun bu orzu erishib bo‘lmaydigan cho‘qqi bo‘lib qoldi. Bepoyon, yadroviy, o‘ta qudratli davlat bo‘lgan SSSR dollarning bosqini ostida parchalanib ketdi va butunlay barbod bo‘ldi. Dunyodagi eng katta armiya, minglab strategik raketalar, o‘n minglab o‘ta zamonaviy tanklar va jangovar samolyotlar, bahaybat avianosetslar va raketalar bilan qurollangan suv osti kemalari halokatning oldini olishga qurblari yetmadi. Endilikda halok bo‘lgan mamlakatning puchmoqlarida bekorga zang bosib yotibdi. Bironta ham o‘q uzmay, bironta ham askarini yo‘qotmay Amerika Qo‘shma Shtatlari tor-mor keltirishning batamom yangi usullarini namoyish etib, Uchinchi jahon urushida ajoyib g‘alabaga erishdilar, jahon xaritasidan o‘zlarining asosiy raqiblarini butkul o‘chirib tashladilar, uni tor-mor keltirib, parcha-parcha etib, yer bilan yakson qildilar. Bugungi kunda, u, endi o‘zining kechagi dushmaniga yalinib-yolvorib, undan yordam berishini o‘tinib so‘ramoqda. Aslida butun harakat shunga qaratilgan edi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:18:42
* * *

Qo‘shma Shtatlar o‘z o‘yinini, nomenklatura o‘zinikini o‘ynagan edi. Ular ham, bular ham g‘alabaga erishdi. Navbatdagi qurbon — Rossiya yutqazdi.

1991 yilning yozida yaxshi izga solingan, hozirgi hokimiyat bilan korruptsiya tufayli chambarchas bog‘lanib ketgan, ko‘zga ko‘rinmaydigan juda katta partiyaviy bir yurt — Nomenklatura va uning iqtisodiyoti yashirin holatga ko‘chdi. Kechagi siyosiy va mafkuraviy zulmning o‘rnini iqtisodiy zulm egalladi va xalqqa qarshi darhol eski zamonlar ruhidagi iqtisodiy terror amalga oshirila boshlandi. Partiya o‘z qullarini bir amallab boqib turishga chor-nochor rozi edi, ammo o‘zini erkin deb bila boshlagan odamlarni zinhor-bazinhor boqmas edi. Nomenklatura esa avvalgiday o‘zini-o‘zi ta’minlaydi va G’arbning qo‘liga qarab turadi. Fikrlash va ishlashni unutishga majbur etilgan xalq esa qirilsa qirilib ketar. Endilikda xalq qanday sifatga ega bo‘lmasin, hech kimga kerak emas.

Kommunistlar bizning mamlakatga 1917 yilda bosqinchilar sifatida kelgan edi, yetmish yildan ortiqroq muddat davomida ular istilochilar sifatida ish yuritishdi. Davronlari o‘tib ketganiga aqllari yetgandan keyin esa, yana bir marta xalqni qaqir-ququrigacha talab, davlatni barbod etib, oddiy xashaki o‘g‘rilarday tumtaraqay qochib qolishdi. Hatto, jug‘rofiy jihatdan ham Rossiya joyi jannatda bo‘lgur podsho Ivan IV Vasilevich zamonlariga, ya’ni XVI asrga uloqtirildi. Holbuki, hademay XXI asr boshlanadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:19:40
Biz unchalik chuqur ketganimiz yo‘q, faqat sirtdangina nazar tashladik. Ammo ana shu sirtda yotgan narsani ham sobiq KPSSdan hech kim tortib olish niyatida emas.

Fitnadan keyin ma’lum bo‘ldiki, davlat xazinasida bor-yo‘g‘i 240 tonna oltin qolibdi. Rossiya parlament komissiyasining a’zolari bo‘lgan qay bir abjir yigitlar fitnadan keyingi ko‘tarinki kayfiyat bilan partiya oltinlarini qidirib, G’arbga otlandilar. G’arbda ularni sovuqqina kutib olishdi.

«Qo‘lingizda KPSSning jinoyatkorona tashkilot ekani va uning oltinlari jinoyatkorona yo‘l bilan qo‘lga kiritilgani to‘g‘risida sudning qarori bormi? Yo‘qmi? Unday bo‘lsa, sizlarga xayr. Hech qanday axborot bermaymiz. Demokratiyaga o‘rganinglar, yigitlar. 1918 yil allaqachon o‘tib ketgan!»

Ular Yevropani kezib chiqqunlaricha, u yoqqa SSSRdan yana 6 tonna oltin «uchib ketdi». Ana shunaqa! Ketish jafosiga, hikoyamizning ba’zi bir qahramonlari boshiga tushgan ishlar bilan tanishaylik.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:20:28
Nikolay Kruchina halok bo‘ldi. (1991 yilning avgustidan oktyabrigacha SSSR hududida nomenklatura amaldorlaridan 1746 kishi sirli ravishda o‘z-o‘zini o‘ldirdi. Bu raqam — KPSS tuzgan qo‘shma korxonalarning soniga yaqinlashib qoladi. Ammo ularning har biri to‘g‘risida gapirib berishga imkon yo‘q.)

Kruchinaning yordamchisi V. Leshchinskiy esa «Oktyabrskaya» mehmonxonasini xususiylashtirib olgan «Arbat» hissadorlik jamiyati kengashiga a’zo bo‘ldi.

Tarixdagi beqiyos «Transfert» qahramoni, sobiq moliya vaziri V. Orlov Butunrossiya birja banki boshqaruvining a’zosi bo‘ldi. Bu bank egasining ismi yozilmaydigan depozit sertifikatlar chiqaradi. Bunday sertifikatlar esa shaxsiyatini tasdiqlovchi hech qanday hujjat ko‘rsatmay, daromad manbalari haqida hech qanday deklaratsiya yozmay valyutani dunyoning istagan mamlakatiga olib chiqib ketishga imkon beradi. Shu tarzda hech qanday nazoratsiz oltinni davlatdan olib chiqib ketishga yoxud olib kirishga yo‘l ochiladi. Iosif Vissarionovich zamonlaridan beri nomenklaturaning orziqib orzu qilgani shu emasmidi? Ha, chindan ham bolsheviklar voqelikka aylantirolmaydigan hech qanday muammo yo‘q!

KPSS Leningrad viloyat Qo‘mitasi Ishlar boshqarmasining boshlig‘i Arkadiy Krutixin, o‘zining Moskvadagi xo‘jayinidan farq qilaroq, sihat-salomat yuribdi. To‘g‘ri, uni «Rossiya» bankining boshqaruvidan yana bir marta haydab yuborishdi. Bank bir marta xatga tushib, esi og‘ib qolay dedi va shu ahvolida Krutixinni viloyat qo‘mitasi Ishlar boshqarmasining boshqaruvchisi sifatida emas, «Daynemik — Transfer» firmasining vitse-prezidenti sifatida bank boshqaruvi kengashiga rais qilib olishganini unutib qo‘ydi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:21:29
Ammo hushlari joyiga kelgach, adolat tiklandi. Ammo «Rossiya» banki hushidan og‘ib qolgani bilan Krutixinning o‘zi sovuqqonligini bir zum ham yo‘qotgani yo‘q. Uning boshlig‘i Gidaspov to‘g‘ridan-to‘g‘ri fitna kunining o‘zida viloyat Qo‘mitasi byuro a’zolarini to‘plab, kommunistlar armiyasini oyoqqa turg‘azishni va GKCHPni qo‘llab-quvvatlashni buyurdi. Krutixin esa shu kuni «Chayka» degan sog‘lomlashtirish majmuini va Solnechnoedagi dam olish bazasini o‘zi tashkil etgan «Vartemyaki» shirkati (mas’uliyati cheklangan shirkat) balansiga o‘tkazdi. Ularning balans qimmati 22 million so‘m. Hozirgi paytda Krutixin ularni xususiylashtirish bilan band.

Yuriy Prokofev ham Moskvada ayni shunday qilyapti.

KPSS Markazqo‘mining Xalqaro bo‘limida tergovchilar nafaslarini ichlariga yutib, Valentin Falinning temir sandig‘ini ochishdi, biroq unda yarmi ichilgan konyak shishadan boshqa hech narsa topmadilar.

O’rtoq Dzasoxov «menda, umuman, temir sandiqning o‘zi bo‘lmagan» dedi-da, allaqanday qudratli millatlararo kartelga maslahatchi bo‘lib o‘rnashib oldi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:22:02
Gorbachyov «Gorbachyov jamg‘armasi»ni tuzib, do‘sti akademik Yakovlevni o‘z panohiga oldi. Aytishlaricha, akademik yangi kitob yozayotgan emish. Uning 1986 yilda nashr etilgan oxirgi kitobi «Kapitalizmning so‘nishi» deb atalardi. Gorbachyovning o‘zi xususiy tashriflar bilan dunyoni kezib yuribdi, shu yurishida jamg‘armasiga ionalar to‘plash bilan birga har xil faxrli unvonlarni ham yig‘ayapti. Unga havas qilmay qo‘ya qoling — hammasi qilmishiga yarasha!

Butun boshli kommunistik tuzumni mahv etib, nafaqat omon qolish, balki turmani ham chetlab o‘tish, ishonavering, oson ish emas.

Partiyaning oltini esa ishonchli qo‘llarda qoldi.

Uni izlab ovora bo‘lmang, chunki uni mabodo topganingizda ham hech narsa qilolmaysiz. Nega deysizmi? Shuning uchunki, Ilich bilan Parvus orzu qilgan jahon inqilobi allaqachon amalga oshib bo‘ldi. Dollar butun dunyoni bosib oldi. Unga qarshi kurashda biz bilgan vositalarning hammasi ojiz. Uni tanklar bilan yanchib tashlayolmaysiz yoxud partizan otryadlari bilan sillasini quritolmaysiz. Uni faqat undan kuchliroq valyuta bilan yengish mumkin. Faqat shunday valyutagina dollarni kukunga aylantirib yubora oladi. Dollar so‘mni kukunga aylantirganidek. Ammo o‘zining hamma oltinini partiya amalda Qo‘shma Shtatlarga o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, bunaqa valyutani qanday qilib barpo etish mumkin? Ishlash kerak. Ammo hech kim ishlashni bilmaydi va xohlamaydi ham. Mabodo birov xohlasa, uning ishlashiga yo‘l qo‘yishmaydi. Yo‘l qo‘yishsa, ishlaganni xonavayron qilishadi. Albatta, buni ongli ravishda atayin qilishadi.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:23:40
Gumanitar yordam niqobi ostida mamlakat ustidan xalqaro homiylik o‘rnatilgan. Sirasini aytganda, mamlakat mustaqilligi yo‘qolib bo‘ldi.

Hozir uning istiqbolini kim va qaerda belgilayapti?

Bolsheviklar qanday qo‘qqisdan paydo bo‘lgan bo‘lsalar, shunday g‘oyib bo‘ldilar. Muayyan jahon tizimlari bir vaqtlar ularni Rossiyaning ustiga uloqtirgan edilar. Hozir bolsheviklar shu tizimlarga singib ketdi.

Rossiyaning hozirgi hukumati — yo yashirin holatga ko‘chgan nomenklaturaning ar’ergardi, yoxud yashirin holatdan chiqib kelayotgan yangi nomenklaturaning ilg‘or otryadi. Tushunib bo‘lmaydi. Birdan-bir xursand bo‘ladigani shuki, hech kim ortiq kommunizm qurmayapti.

Shunisiga ham rahmat!

Sankt-Peterburg, yanvar-mart, 1992 yil.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:41:07
MUNDARIJA
Asrni horitgan hodisa..................................................................3 (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=4053.msg199629#msg199629)
Birinchi qism. Bosqin...................................................................8 (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=4053.msg297853#msg297853)
Ikkinchi qism. Istilo.....................................................................120 (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=4053.msg368397#msg368397)
Uchinchi qism. O’lja bilan qochish...................................................288 (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=4053.msg369354#msg369354)



Adabiy-badiiy nashr
IGOR BUNICH. PARTIYANING OLTINLARI


Toshkent «Ma’naviyat» 2005
Muharrir U. Kuchqorov
 Rassom M. A’lamov
 Musahhih Sh. Ilhombekova



Terishga 07.10.2004 y. da berildi. Bosishga 15.02.2005 y. da ruxsat etildi. Bichimi 84x108/ Taims garniturasi. Ofset bosma usulida bosildi. Shartli b. t. 19,74. Shartli kr.-otg. 20,16. Nashr t. 21,43. 5000 nusxa. Buyurtma  â„–A-0132. Narxi shartnoma asosida.


«Ma’naviyat» nashriyoti. Toshkent, Buyuk Turon, 41-uy, Shartnoma 09-05.
Kitob mas’uliyati cheklangan jamiyat «KAOKYECHT VKYE» korxonasida tayyorlanib, O’zbekiston Matbuot va axborot agentligining «O’zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etildi. 700129. Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 30-uy. 2005.
Nom: Re: Partiyaning oltinlari. Igor Bunich
Yuborildi: Musannif Adham 21 Sentyabr 2012, 01:47:16
P.S. Ushbu kitobni tahrirlash va forumga joylashga orada katta tanaffuslar bilan qariyb 3 yil vaqt ketdi. Bu asarni dastlab 2005 yil oktyabrda, hali kitob shaklida chiqmasidan oldin bir gazetada o'qigan edim. Keyinchalik 2007 yilda kitobni to'liq o'qib chiqdim. Sovet davri tarixi bilan qiziqqanlarga albatta shu kitobni o'qib chiqishni tavsiya qilgan bo'lardim.