forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Umumiy => Forumdoshlar kitobi => Mavzu boshlandi: shoir 09 Dekabr 2009, 10:16:49

Nom: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 09 Dekabr 2009, 10:16:49
Foydalanuvchi nomi: Bekmirzo, Asadbek (forum.uz)
Haqiqiy ismi: To'ychi Ro'ziboyev
Tug'ilgan sanasi: 1977 yil 4 avgust
Tug'ilgan joyi: Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani
Ma'lumoti: Oliy (O'zDJTU, Mittweida Universiteti)
Forumga a'zolik sanasi: 20 Avgust 2006
Emaili: [email protected]
Shaxsiy sahifasi: http://www.htwm.de/~truziboy/

Avatar va imzosi mavjud emas.

Birinchi posti:
Shahina,
bizning ijodimiz namunasini bu yerga ko'chirganingiz uchun tashakbizning kur! link (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=652.msg15384#msg15384)
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 09 Dekabr 2009, 10:17:48
Tarjimai holi

Assalomu alaykum!

Kamina 1977 yil 4 avgustda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida dunyoga kelganman. Men tug'ilgan kuni tog'alarimdan birining uylanish to'yi bo'layotgan ekan, shu sabab ota-onam menga to'y elchisi - Tuychi deb ism berishgan. O'sha ondan beri ushbu nom egasi - kamina O'zbekistondek jannatmakon o'lkaning mag'rur fuqarosiman.

1994 yil o'rta maktabni tugatgach, Baxt va Omadning izidan ergashib Toshkenti azim sari yo'l oldim. O'z uyimdan uzoqda, ammo menga qadrdon bo'lgan poytaxt shaharda 5 yil quyidagi ilm maskanlarida tahsil oldim:
- 1994-95 = O'zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti nemis filologiyasi fakulteti;
- 1995-96 = O'zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti tarjimonlik fakulteti;
- 1996-99 = Toshkent Davlat Universiteti (hozirda O'MU) xalqaro jurnalistika bo'limi

ToshDUdan diplomimni olgach, oradan ko'p vaqt o'tmay Ilmning izidan ergashib Mag'rib tomon uzoq safarga yo'l oldim.
1999 yil iyul oyidan beri Germaniyaning Mittweida Universitetida MediaManagement (MM - Jurnalistika Managementligi) sohasi bo'yicha tahsil olmoqdaman.

Bo'sh vaqtlarimda sport mashg'ulotlari, har xil joylarga sayohat qilish, kinoga borish, do'stlarni ziyorat qilish, Kompyuterda ishlash, studiyada har xil Video-Cliplar (Avid-Xpress programmasi) va Audio-Cliplar (Samplitude7.0) montaj qilish , rasmga olish, Forum.Uzda ishtirok etish va yoki har xil maqolalar, yangiliklar o'qish bilan mashg'ul bo'laman.

Manba (http://www.htwm.de/~truziboy/uzbek/kamina.htm)
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 09 Dekabr 2009, 10:18:38
Bekmirzoga berilgan savollarga javoblar:

1. Savol: Бола бслса - шсх бслсин, деган гап бор. Ашлигингиздаги қилган қайси шсхлиг(лар)ингизни ҳалигача сслаб юрасиз? Ўшанда қандай воқеа юз берган сди?

Javob: Moziy... O'sha vaqtlarda 10 yoshda edim.
Iyul oyi o'rtalari. Paxtazorda ishlash uchun chiqqan qizlar tush vaqtida ko'lda cho'milishardi, bu vaqtda kattaroq yoshli qizlar yigitlarni borini (o'zi quyosh ayni qizdirgan tush mahali ko'p yigit bo'lmasdi ko'lda) ko'lni huuv narigi chekkasiga haydab yuborardi. Ko'lning yonida 15 qatorli tutzor bor, pilladan keyin o'sganlari ham ancha uzun bo'lib ketadi, shunga kiyinish-yechinish xonasi tabiiy bo'lardi.
Uyimiz ko'ldan atigi 200 metr narida. Tushlik qilib bo'lgach, kitob o'qib o'tirsam, qiyqir-qiyqir qizlarning ovozlari eshitilib qoldi. Qo'shnimizni o'zimdan bir yosh katta o'g'lini chaqirvolib, "ketdik, qizlarni poylaymiz" dedim
Bordik tutzor oralab. Qizlar cho'milishyapti. Kuzatdik. Vah-vah, qishlog'imizni bir-biridan barno va go'zal qizlari hamma kiyimlarni suv chekkasida qoldirib, faqat bitta ko'ylak bilan cho'milib yurishibdi.
Vah-vah, deb sekiin tutzordan chiqib boribmiz deng
- Assalomu alaykuuum, opalar!
- Bor, yo'qol!
- Bizaram cho'milgani keluvdik.
- Bor, yo'qol, huuuv naryoqqa boringlar!

Mayli, dedigu, qizlarni kiyimlarini olvolib, qochdik.
50 metr nariga bir teparoq joyga borib o'tirvoldik. Endi qizlarni yalinishini ko'rsangiz.
- Bekmirzo, kiyimlarimizni ber. Uyga boraylik, qorin ochdi.
- Yo'q.
- Kiyimlarimizni ber!
(shu payt qo'shnim qulog'imga bir nima deb shivirladi, bir kulishvoldik):
- Kim menga muchchi bersa, o'shani kiyimini beraman.
(bitta shaddodrog'i bor edi, o'sha chaqirib qoldi):
- Ke, men senga muchchi beraman.

Qizlar hammasi hali suvda. Bir xillari dunyoga beparvo, uzun ko'ylagi suv ustida parashyutday shishib, suzib yuribdi qiyqir-qiyqir qilib.
Boyagi shaddod qizni kiyimini olib, sekin uyaliiib bordim muchchi olish ilinjida va tezroq qochish payida. Muchchini o'rniga bir mahal kutilmaganda qarsillatib shapaloq tortmoqchiydi, qochib qoldim.
"Otangga aytib beramiz seni", deyishgach, hammasini kiyimini qaytarib kelib berdik.

Ehhh, bolalikda sho'x vaqtlarimiz ham bo'lgan ekan ancha...

Tongda derazamdan siniq nur tushar,
Ne tongkim, bugun ham namlidir ko'zlar.
Axir, tushimda ham suvlar sepishar,
Ko'ylaklari bilan cho'milgan qizlar...


2. Savol: Sizga eng yoqadigan, doim yodingizda turadigan biror mashxur insonning aforizmi?

Javob: 1) Y. W. Gyote: "Hayotga ishon, u har qanday notiq yoki kitobga qaraganda yaxshiroq ta'lim beradi."
2) L. N. Tolstoy: "Erkakka o'xshamoqchi bo'lgan ayol xuddi ayolsifat erkak singari tasqaradir."
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 09 Dekabr 2009, 10:20:23
Bekmirzo she'rlaridan. 1-qism

Chashmi zilolga yetib...

Hajringda, yor, alif qaddim dol bo'ldi,
Bilolmadim, bu qandayin hol bo'ldi.

Qays kezgan ul sahrolarni kezdim men,
Dardlar chekib topganim zavol bo'ldi.

Kunduzlarim yorug' qilmoq bo'ldi shams,
Uzun tunlar dardkashim hilol bo'ldi.

Shams tig'idan meni xalos etmoq-chun,
Soyasiga olgan majnuntol bo'ldi.

Gulbog'ingga yo'l oldim so'ng orziqib,
Bormog'imdan xabarchi shamol bo'ldi.

Gulbog'ingga kirdim baxtni yetaklab,
Yetti olam hayron bo'ldi, lol bo'ldi.

Ishq navosin bukun sendan tingladim,
So'zlaganing asal bo'ldi, bol bo'ldi.

Sahrolarda chanqoq bosgan yuragim,
Ichar suvi, shukurkim, zilol bo'ldi.

Muallif: Bekmirzo
Manba (http://adabiyot.arbuz.com)
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 14 Yanvar 2010, 08:44:02
Bekmirzo she'rlaridan. 2-qism

Qalbda ungan binafsha

Muzli qor qoplagan qalbimda,
Bir kuni ko'kardi binafsha.
Ko'zlari ochilgan qalb muzi,
Eridi tomchilab labimda.

Bir kuni jilmaydi binafsha,
Bahorni kashf etib bag'rimda.
Go'yoki bilgandek, yuragim,
Asrlar yonganin hajrida.

Dunyoni yoritdi binafsha,
Quyoshning eng zarrin nuridek.
Unga-da issiqroq joy yo'qdir,
Muzlagan qalbimning qo'ridek.


Momomga bag'ishlov

Momom mening pari edi, hur edi,
Har bir so'zi gavhar edi, dur edi.
Diydoriga to'yolmadim, yetmadim,
Mehribonim yuzi to'la nur edi.

Ish o'ngidan kelar - erta tur, derdi,
Ol kitobing, maktab tomon sur, derdi.
Aytganlarin aslo kanda etmadim,
Aqlli bo'l, odobli bo'p yur, derdi.

Talabalik - yurdim uydan yiroqda,
Dil sog'inchdan to'nin bichdi firoqda.
Bir tun ingrab turdim, bag'rim tig'ladim,
Ko'zim tikib qoldim so'ngan chiroqda.

Endi momom yotibdilar qabrida,
Alvongina qizg'aldoqlar bag'rida.
Tuprog'ini ko'zga surtib yig'ladim,
Rahmat etsin - iltijom shul Tangridan.


NASAF bo'lar Chempion!

"Paxtakor" dalada tinmay ter to'kar,
"Traktor" xirmonga paxta tashiydi.
"Qizilqum"ga yetmay "Buxoro",
"Sho'rtan" kabi boshin qashiydi.

"Navbahor"da qilar "To'palang",
"Lokomotiv"da borib "Samarqand".
"So'g'diyona" yoqib bir "Mash'al",
"Metallurg"dan qiladi payvand.

Mana, hayron qolaman ba'zan,
"Neftchi"ga ne bo'ldi, olomon?
Lekin shuni aniq aytaman,
NASAF bu yil bo'lar CHEMPION!

13 may 2005 yil
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 14 Yanvar 2010, 08:45:06
Bekmirzo she'rlaridan. 3-qism

Olislarga olib ketaman

So'lim bog' ichida Yigit va Qiz bir-birlariga termulgancha, shirin suhbat qilishardi.
Atrof go'yo muhabbatdan entikib nafas olayotgandek sokin edi, faqatgina gullarga mahliyo bo'qib sayrayotgan bulbulning sho'x ovozi eshitilardi...
Yigit qizning ko'zlariga boqib dedi:
- Jonim, Men sizni olislarga olib ketaman!

Qiz shiringina bir jilmayish qilib so'radi:
- Olislarda nima bor, Begim?

Yigit ham yuziga yarashgan bir jilva ila javob berdi:

Olisda oy botmaydi aslo,
Quyosh doim nurin sochadi.
Unda hukm surar oliy Baxt,
Yomon doim yo'ldan qochadi.

Olisda suv oqadi tiniq,
Yer yuzida ko'rinmaydi gard.
Har insonning yuzida kulgu,
Ular uchun bilinmaydi dard.

Olisda yosh to'kmaydi ko'zlar,
Mehr bilan boqar tabiat.
Sevishganlar ulug'lanarlar,
Inoqlikda yashar jamiyat.

Olisda kun bo'yi bulbullar,
Parvarishlab o'tar gullarni.
Muhabbatga oshno qalblar,
Sehrlaydi mudom dillarni.

Olisda men kabi Majnunlar,
Gullar tutar Laylilariga.
Jonlarini to'kib berarlar,
Suyuklisin mayillariga.

Olisda gul ulashar bahor,
Gul ufori olamni tutar.
Umr to'lib borar mazmunga,
Qalblar abad yasharib ketar.

Olisda yoz qaynoq taftini,
Bizlar bilan baham ko'radi.
Mo'jaz rangga bo'yab olamni,
Go'zallikdan tortiq qiladi.

Olisda kuz xazonrezgida,
Muhabbatga bo'yaydi bag'rin.
Mayin shamol entikib unda,
She'rlar aytib erkalar bargin.

Olisda qish oppoq qorlarin,
Muhabbatga o'rab to'kadi.
Sevishganlar baxtli boshiga,
Oq niyatli qordan tegadi.

Olisda ishq atalgan tuyg'u,
Quyosh kabi nurlarin sochar.
Ikkimizdek sevishganlarga,
Baxtli hayot quchog'in ochar.

Qiz Yigitning bu javobiga mamnuniyat ila jilmayib, Yigitning yelkasiga bosh qo'ydi. Bir-birining qo'llaridan ushlagan holda ikki Yosh bog'dan sokin qadamlaru baxtiyor nigohlar ila chiqib ketishdi...
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 14 Yanvar 2010, 08:45:41
Bekmirzo she'rlaridan. 4-qism

Bir qiz deya jontalosh edik

Biz yosh edik, uning ustiga,
Ham qiziqqon va bebosh edik.
To'p tepishgan ikki qadrdon,
Bir qiz deya jontalosh edik.

Mahallaning ko'zga ko'ringan,
Malikasi o'shal qiz edi.
O'shal qiz deb ko'zlar ko'kargan,
Tunlar bedor o'tgan biz edik.

Yo'ldan o'tsa qo'shiq aytardik,
Ovozim bir eshitsin, deya.
Yuragimni olib, mehribon
Qalb qo'riga berkitsin, deya.

She'r bitardik husnin ta'riflab,
Maktabda ko'p doston bo'lardi.
O'shal qiz deb yonganlarimiz,
Hatto Oysha maston bilardi.

Ikkimizdan qay birimizni,
Tanlashini bilmasdi u qiz.
Uchrashuvga chorlardik uni,
Va'da berib, kelmasdi u qiz.

Vaqt ham keldi - yigitlik burchi -
Nonni tishlab, xizmatga ketdik.
El ichida er yigit degan,
Nomlar olib izzatga yetdik.

Xatlar bitdik garnizondan biz,
Javoblari yetib kelmadi...
Garnizonga xat yozdimi u,
Ikki yilda bizlar bilmadik.

Ikki yillik hijronni quchib,
Qaytdik uyga, mushtoq dillarga.
Yigitlar ham qaytishdi, deya,
Qizlar chiqib turdi yo'llarga.

Gul nigohlar, o'tkir nigohlar,
Ammo, befarq boqdik ularga.
Izladik biz malikamizni,
Ko'maylik deb atirgullarga.

Bir kun o'tgach, eshitdik xabar,
Do'stim, taqdir bizdan kulibdi.
Ikki yilning ichida malak,
Erga tegib, ona bo'libdi...

Tog'lar ketdi bizdek zirqirab,
Qalb ko'z yoshin to'kdi qaltirab.
Uni so'ng bor ko'rgan makonga,
Mahtal ko'zlar boqdi mo'ltirab.

Do'stim, uni deya ikkimiz,
Raqiblikni bo'yinga oldik.
Qara, o'sha bebosh yillarda,
O'zimizni ne ko'yga soldik.

Dil og'ridi xotiralardan,
Malikani unutmoq bo'ldik.
Biz o'qishni bahona qilib,
Toshkent sari ravona bo'ldik.

Talabalik yillarim - oltin,
Hatto o'qib keldik chet elda.
Ammo har on va har qadamda,
Malikani saqladik dilda.

Biz uni hech unutolmadik,
Xotiradan kechib bo'lmadi.
Malika ham banogoh yo'ldan
O'tib, bizga jilva qilmadi.

Do'stim, endi Malikani qo'y,
Ikki yonda ikki farzandi.
O'zimizga kelin topmoqlik,
Vaqti allaqachon kelgandi.

Biz ham elga osh tortib, boshni
Endi ikki qilib yuraylik.
Kelajakda doim oilaviy,
Bordi-keldi qilib turaylik.

Aziz do'stim, kelin tanlashda,
Senga katta omad tilayman.
Men ham borib, bir nafis qizga,
Sovchilarni to'plab yo'llayman.
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 14 Yanvar 2010, 08:46:22
Bekmirzo she'rlaridan. 5-qism

Afandining suhbatidan

Afandi bir kuni o'z qalbidagi dardlaridan do'stiga hasrat qilib o'tirgan ekan:

"Men uni sevar edim,
Ishqida kuyar edim.
Uchrashgan damlar shirin,
Vasliga to'yar edim.

Endi meni hayron qilar,
Ko'nglimni vayron qilar.
Ul ketdi, oshiq ko'nglim,
Tinchimay tug'yon urar.

Tegib ketdi bir boyga,
Tushlarim oqdi soyda.
Bevafoda qasdim bor,
Ham o'chim bor u boyda.

Boyga sotgan otasi,
Buni yaxshi bilaman.
Otasiga onasin,
Ko'rsatib ham quyaman.

Bevafoni biror kun,
Men ham ko'rib qolarman.
Otam qib ketgan ishni,
Men ham qilib ketarman."

Afandining do'sti:

"Afandibek, otangiz,
Nima qip ketgan ekan.
Ul ishning qay ta'rifi,
Sizga ham yetgan ekan?"

Afandi:

"Otam ham bir bevafoni,
Yoshlikda sevgan ekan.
U erga tegib ketgach,
Bu ishqda kuygan ekan.

Bir kuni ko'rib uni,
Qarab tur, degan ekan.
Qilpillama bir qiz topib,
Uylanib ketgan ekan! "
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 14 Yanvar 2010, 08:47:14
Bekmirzo she'rlaridan. 6-qism

Sog'inch

Aziz va Mo'tabar Onajonimga bag'ishlayman

Uzoqdaman bu kun uyimdan,
Sog'inchlarim bo'ldi bir jahon.
Bunda kutib student o'g'lin,
Yashaydi bir mo'tabar inson.

U onamdir, onajonginam,
Mehridaryo volidam - Ona!
Uyim ostonasidan chiqyotganimda,
Peshonamdan o'pgan dil mehri yona.

Oyga borib omon qayt, deya,
Duo qildi peshonam silab.
Ko'zin tikib ortimdan uyda,
Qoldi onam menga baxt tilab.


Seni mendek sevolmas hech kim

Mehribonim, go'zalim mening,
Erkaginam, qalbim bekasi.
Nazar solgin, qanchalar og'ir,
- g'amga cho'kkan dilning kulgisi.

Hijron kemiradi qalbimni,
Ammo o'zim tutaman bardam.
Majnun qalbim qo'shiq aytadi:
- Sog'indim men seni juda ham!

Sen uzoqda, men sendan olis,
Entikamiz, qalblar sog'ingan.
Nigoronim, vaslingga umid,
Ipsiz meni senga bog'lagan.
- Bu bog'ichni uzolmas hech kim!

Sevar yorim, baxt qushim mening,
Olis damlar bo'lding yonimda.
G'amza urib o'tkazgan damlar,
Ishon, hamon mening yodimda.

Nedir hijron? - Sog'inch damlari!
Doim menga shunday aytarding.
Ikkimiz-chun sokin oqshomlar,
Muhabbatdan qo'shiq bitarding.
- Bunday qo'shiq kuylolmas hech kim!

Jonim, visol onlari yaqin,
U dam faqat senu meniki.
Dunyodagi eng shirin so'zni,
Aytding oxir, jonim oldi-ku:
- Sizni mendek sevolmas hech kim!!!
Nom: Re: Bekmirzo
Yuborildi: shoir 14 Yanvar 2010, 08:48:32
Bekmirzo she'rlaridan. 7-qism

O'zbegimning qizlarini qizg'onaman

G'azal bitib, doston aytib, ishqin kuylab cho'lg'onaman,
Dilni o'rtar vaslin o'ylab tun-kechalar to'lg'onaman,
Mehri uchun har saharda shijoat-la uyg'onaman,
O'zbegimning qizlarini boshqalardan qizg'onaman.

O'ris boqsa makr ila, rashk o'tida o'ch olaman,
Inglizni Buckingamning Palastida xo'p solaman,
"Faqat O'zbek" degan uchun bor ovozda jar solaman,
O'zbegimning qizlarini boshqalardan qizg'onaman.


Sevgilim, men Seni uchratgunimcha

Dunyo rangsiz edi, za'faron edi,
So'lg'in edi gullar, yo'q edi g'uncha.
Bulbullar sayramas, borliq jim edi,
Sevgilim, men Seni uchratgunimcha.

Qanday nafas oldim, kezdim qaylarni,
Nahotki, yashadim ishqni bilguncha.
Sargardon kezibman yolg'iz olamni,
Sevgilim, men Seni uchratgunimcha.

Yulduzlar jilosin ko'rmasdan keldim,
Oyning shivirlashi - sirli tuguncha.
Samoning bag'rida bir zarra edim,
Sevgilim, men Seni uchratgunimcha.

Qalbim sezmagandi entikish hissin,
Sog'inchu hijronni tuymagunicha.
Yurak bilmagandi muhabbat ismin,
Sevgilim, men Seni uchratgunimcha.

Muallif: Bekmirzo
Manba (http://adabiyot.arbuz.com/forumdosh/asadbek.html)