forum.ziyouz.com

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => O'zbek nasri => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 24 Fevral 2010, 08:11:39

Nom: Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)
Yuborildi: AbdulAziz 24 Fevral 2010, 08:11:39
Jinoyatning uzun yo'li

(http://www.ziyouz.com/images/books/jinoyat.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=15)

Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 399 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=15)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=4461.0)
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: AbdulAziz 24 Fevral 2010, 08:13:18
(http://ziyouz.com/rasmlar/literature/jinoyat.jpg)

Bugun mamlakatimizda Tohir Malik kitoblari kirib bormagan xonadon yo‘q hisobi. "œShaytanat", "œAlvido, bolalik", "œSo‘nggi o‘q"... Adib asarlarida jinoyatchilik olami, uning qullariga aylanib qolgan bandalar fojiasi, ayniqsa, yoshlar, o‘smirlarning ushbu jirkanch muhit to‘riga tushib qolganlari tahlil qilinadi.

E’tiboringizga havola qilinayotgan "œJinoyatning uzun yo‘li" risolasida o‘smir-yoshlarning to‘g‘ri yo‘ldan adashishlari sabablari haqida mulohaza yuritilgan. O‘ylaymizki, sevimli yozuvchingizning ushbu asari ham Sizda katta qiziqish uyg‘otadi.

Tohir MALIK
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:32:43
Tohir MALIK

JINOYATNING UZUN YO‘LI

OSTONA

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Bizlarni yaratgan, bu kunlarga yetkazgan, farzandu nabiralar bergan robbimiz Ollohga behisob-behisob ravishda hamdlarimiz bo‘lsin. Olloh taoloni poklab yod etganimiz holda bermish eng ulug‘ ne’matlari — farzandu nabiralarimizni yomon nazarlardan, qora niyatlilarning qora niyatlaridan, zolimlarning zulmidan hamisha asramog‘ini, sog‘lik va omonlik, iymon va diyonat bilan voyaga yetmoqliklarini nasib etmog‘ini so‘rab duolar qilamiz.
Farzandlar haqqiga duo qilib so‘z boshlashimiz bejiz emas. Mazkur risolani qo‘lga olgan siz — azizlarning biringiz ehtimol kechagina to‘ng‘ich farzandingiz yoki nabirangizning tug‘ilishi munosabati bilan suyunchilar ulashgandirsiz. Biringiz o‘g‘lingiz yoki qizingizni unashtirib, ularga Ollohdan baxt tilayotgandirsiz. Fursatdan foydalanib, biz ham sizga qo‘shilib ularni duo qilamiz. Yaratgan Olloh ko‘p qatori ularga ham shirin-shirin farzandlar bersin.
Xonadonda farzandning tug‘ilishi — Olloh nasib etgan ulug‘ ne’matga ega bo‘lish beqiyos baxt hisoblanadi. Bola tug‘ilishi bilan ota bilan onaning, bobo bilan buvining va boshqa qarindoshlarning qalbida shirin bir umid ham tug‘iladi. Endi xonadon kelajakda ushalajak umid bilan yashay boshlaydi. Bu umid ba’zan tilga ko‘chadi: "œFarzandimiz falon-falon martabalarga erishsin..." kabi niyatlar aytilib, duolar qilinadi. Farzand ulg‘aya borgan sayin qalbdagi umid qanotlarini keng yoyaveradi.
Ana shunda... Xudo ko‘rsatmasinu... ammo kimlarningdir qalblaridagi umid qanotlari bexos sinadi. Kutilajak baxt qora tunga, shodlik qayg‘uga aylanadi.
Ana shunda... "œBu fojiaga kim sababchi?" "œFojia qachon boshlangan edi?", degan savollarga javob izlash boshlanadi.
Ana shunda... Aybni o‘zimizdan emas, boshqalardan qidiramiz.
Qalbda shirin umidning tug‘ilgani yaxshi. Xayrli duolar yanada yaxshi. Biroq, farzandning baxtiyorligi uchun bu kifoya emas.
Hech kim bolasi tug‘ilganida "œBolam o‘g‘rilikni kasb etsin" yoki "œGiyohvandlarga qo‘shilsin", deb umidvor bo‘lmaydi. Duo ham qilmaydi. Afsuskim, ayrim hollarda yaxshi umidi ushalmay, kutmagani bir fojiaga yo‘liqib, dog‘da qoladi.
Nega shunday?

Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:33:42
Yaqinda sud idorasida bir kishining ho‘ngrab yig‘lagani diqqatimni tortdi. U sud hukmidan norozi bo‘lib, "œO‘g‘lim o‘g‘ri emas, u mollarni sotgan xolos, o‘g‘irlanganini bilmagan", deb yig‘lardi. Unga kimdir achinardi. Kimdir esa... Biz ham achinamiz. Har holda o‘zi yemay yedirib, o‘zi kiymay kiydirib, bolasining oyog‘iga tikon kirsa o‘z qalbi yaralangan ota yoki onaning bunday fojiaga duch kelgandagi ahvolini tushunish kerak. Lekin bu jinoyatga olib kelgan u z u n yo‘lni ham diqqatdan qochirmaslik lozim. Biz "œuzun" so‘ziga bejiz urg‘u bermadik. Shunchaki "œJinoyat yo‘li", deb qo‘ysak ham bo‘lardi. O‘ylab qaralsa, bayon qilganimiz jinoyatning tarixi uzun emasdek: kimdir o‘g‘irlik mollarni olib kelib berganu yigitcha sotayotganida qo‘lga tushgan. Bu voqea uchun ota yoki onani ham ayblab bo‘lmas. Lekin masalani chuqurroq tahlil etsak, o‘zgacha manzarani ko‘ramiz.
Bu voqeaning tahliliga nasib etsa yana qaytarmiz. Hozir esa risolani yozmoqdan maqsadimizni anglatsak: demak, jinoyatning yo‘lini "œuzun" deb izohladik. Xo‘sh, bu uzun yo‘l qachon va qaysi nuqtada boshlanadi? Hech bir bola jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmas ekan, hech bir ota-ona farzandining yomon yo‘llarda sanqishini orzu qilmas ekan, hayot yo‘lining qaysi nuqtasida noxush burilish sodir bo‘ldi? Bu burilishni kim birinchi bo‘lib payqashi, kim birinchi bo‘lib chora ko‘rmog‘i joiz edi? Ota-onami, maktabmi, militsiyami yo qo‘ni-qo‘shnilarmi? Mazkur risola orqali sizlar bilan shu xususda bahs yuritishni niyat qilganmiz. Avvaldan uzr so‘rab aytamizki, maqsadimiz siz azizlarga aql o‘rgatish emas. Mazkur risolani qo‘lga oluvchilar orasida hayotning eng murakkab muammolariga ham javob topishga qodir donishmand birodarlarimiz borligini hozirdan sezib turibmiz. Biz ham ko‘p qatori hayotni, xususan o‘smirlar hayotini, yanada aniqroq aytsak, jinoyat olamiga kirib qolganlar hayotini kuzatib, tahlil qilib, ma’lum bir fikrlarga kelganmiz. Bayon qilajagimiz fikrlar sizlarni balki o‘ylantirar, balki rad etarsiz. Shu bois ham risoladan maqsadni sizlar bilan g‘oyibona tarzda bo‘lsa ham bahslashmoqdan iborat, deb belgiladik.
Demak, siz bilan bizni qiziqtirgan dastlabki masala:

BURILISH NUQTASI yoki "œKim aybdor?"

 "œFalonchi"ning kasri

 Bigizga aylangan to‘g‘nag‘ich

 O‘g‘rining bolasi — o‘g‘rimi?

 O‘g‘il isyon etdimi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:35:48
Masalani "œburilish nuqtasi" deb belgiladigu ammo, bunga hech kim aniq javob berolmasa kerak, deb o‘ylaymiz. Har bir jinoyat yo‘lining o‘ziga xos boshlanish nuqtasi mavjudligi ma’lum. Uni belgilashda ota-ona bir, maktab boshqa, militsiya esa, o‘zga fikrda bo‘ladi. Yuqoridagi voqeaga qaytsak, militsiya uchun muhimi — o‘g‘irlik mollar sotilayotgan paytda jinoyatchi qo‘lga olindi. Sotuvchi o‘smir maktabda yaxshi o‘qiganmi, otasining gapini ikki qilmaganmi kabi masalalar militsiyani mutlaqo qiziqtirmaydi. Agar bu voqeadan maktab ahli xabar topsa "œOtasi bolaning o‘qishidan boxabar bo‘lib turganida, maktabdan chiqarib olmaganida boshiga bu tashvish tushmas edi", degan xulosaga kelishadi. Demak, ular to‘g‘ri hayot yo‘lining jinoyat so‘qmog‘iga buriluvchi nuqtasini aynan bolaning maktabdan ketgan onidan deb belgilashadi. Ota-ona esa bolaning bozorda "œfalonchi" bilan topishib qolgan kunini la’natlashadi. "œO‘sha "œfalonchi" bilan yaqinlashmaganida bu ko‘rgilik yo‘q edi", degan to‘xtamga kelishadi.
Bizningcha esa, bu baloli yo‘lning boshlanishini ancha ilgariroqdan izlash kerak bo‘ladi. Bir rivoyatni turli xilda ko‘p eshitamiz: ota donishmanddan "œBolamning tarbiyasini qachon boshlay?" deb so‘rabdi. "œBolangiz necha yoshda?" deb qiziqibdi donishmand. "œBir oylik bo‘ldi", degan javobni eshitgan donishmand: "œBir oy kechikibsiz", degan ekan. Bu gap ayrimlarga shunchaki olib qochishdek tuyuladi. Ko‘pchilik bolani tug‘ilgan onidan boshlab qanday tarbiya qilish mumkinligini tasavvur eta olmaydi. Bola uch kunligidayoq onasini boshqalardan ajrata olishi to‘g‘risidagi haqiqatga ham ayrimlar ishonishmas. Unda mana bu ilmiy tadqiqotga nima deymiz? Tadqiqotchi olimlar bir homilador ayolga har kuni ayni bir vaqtda faqat bitta ertakni so‘zlashgan. Bola tug‘ilib, olti yoshga yetganda turli ertaklarni so‘zlab bera boshlashgan. Ayol homiladorlik davrida tinglagan ertakka gal kelganida, dastlabki jumlalarni eshitiboq bola "œMen bu ertakni bilaman", deb so‘zlab bergan. Bu rivoyat emas, ilmiy haqiqat! Demak, bola onaning qornida ekanidayoq tashqi dunyo bilan aloqada bo‘lar ekan. Shundanmikin, donishmandlar "œtarbiya bola tug‘ilmasidan avval boshlansa yanada yaxshi", deyishgan ekan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:36:03
Roviylar derlarki, bir shaharning meshkobchisi taqvodor donishmandga arz qilibdi: "œO‘g‘lingiz har kuni bigiz bilan meshlarimni teshyapti. Sizday ulug‘ odamning farzandiga shu ish munosibmi?" Donishmand mulzam bo‘lib, uzr so‘rabdi, meshlarning haqqini to‘labdi-da, xotinini chaqirib voqeani bayon qilibdi. So‘ng "œBiz bolamizga bunday tarbiya bermagan edik. Luqmasiga harom aralashib qolmadimi ekan?" — deb so‘rabdi. Xotini picha o‘ylagach: "œEy xojam, siz nima topib kelgan bo‘lsangiz biz o‘shanigina yeymiz. Bizdan gumoningiz noo‘rindir", — debdi. Donishmand esa: "œMen uyga harom luqma keltirganimni eslay olmayapman. Tongga qadar yana o‘ylaylik",- debdi. Tongda xotini aybdor odamning siniq ovozi bilan debdi: "œEy muhtaram xojam, bir voqeani bexos yodladim: shu bolaga homilador ekanimda mehmonga borib edim. Dasturxon noz-ne’matga to‘la edi. Undagi po‘rtaxo‘l (apelsin) ishtahamni qitiqlab, nafsimni o‘zimga hukmron qilib qo‘ydi. Eshitib edim-ki, homiladorlik chog‘ida ayol yegisi kelgan narsadan tatib ko‘ra olmasa bolasi nogiron bo‘lib tug‘ilmog‘i mumkin ekan. Mezbon nechundir "œoling, yeng" demadi. Nafsim esa, tinchimadi. Oqibat, mezbon chiqib ketgach, po‘rtaxo‘lni qo‘limga olib, to‘g‘nag‘ich ignasi bilan asta teshdim-da, bir tomchi sharbatini simirdim. So‘rab olinmagani uchun balki shu luqma harom bo‘lgandir?" Xotinining iqrorini eshitgan taqvodor donishmand: "œHa, barakalla! Anglab yetibsiz. Siz o‘n yil avval rizoliksiz qo‘lga olgan kichkina po‘rtaxo‘l bugun katta meshga, to‘g‘nag‘ichingizning kichkina ignasi esa, endi o‘g‘lingiz qo‘lidagi bigizga aylanibdi. Tezda o‘sha xonadonga boring-u voqeani bayon qilib, o‘sha bir tomchi sharbat uchun rozilik oling", — degan ekan.
Hali tug‘ilmagan bolaning tarbiyasi haqida gapirilganda istaymizmi-istamaymizmi, nafs va luqmai halol haqida o‘ylab ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi. Bolani halol yo‘l orqali topilgan osh-non bilan taomlantirmoqlikning afzalligi haqida barcha zamonlarda, barcha jamiyatlarda, barcha dinlarda ta’kidlanib kelingan. Harom yo‘l bilan, ya’ni, birovning haqiga xiyonat qilib, kimnidir norizo etib topilgan nonning oqibat halokat keltirmog‘idan ogohlantirishgan. Birov bu ta’kidlarga, bu ogohlantirishlarga quloq tutgan. Luqmaning halolligiga qat’iy rioya qilgan. Bir emas, yarim kosa taom bilan kifoyalangan, yilda uch-to‘rt emas, ikki-uch yilda bir yangi kiyim kiygan, sabrni har narsadan ustun qo‘ygan va buning evaziga ikki dunyo saodatini topgan. Boshqa birovlar esa, bu ta’kid, ogohlantirishlarni nazar-pisand qilmagan. Oqibatda ham jismoniy, ham ruhiy azoblar bilan «taqdirlangan».
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:36:14
Bir rivoyatni aytib berishgan edi. Insonning tarbiyasi uchun foydali, deb o‘ylaymiz. Hali tug‘ilmagan bolani halol luqma bilan ta’minlash haqidagi fikrimizni shu rivoyat bilan quvvatlantirishni lozim topdik:
Bir bola yurtning donishmand kishisiga salom bergan ekan, u zot alik olib "œHa, haromi, senmisan", — deb qo‘yibdi. Bu gapdan bolaning ko‘ngli og‘rib, uyiga yig‘lab boribdi. Bolaning otasi voqeadan ogoh bo‘lgach, ajablanib, Donishmandga uchrab debdiki: "œEy hurmatli zot! Meni xotinimga o‘zingiz nikohlab qo‘ygan edingiz. Bizning farzandimiz nechun haromi bo‘lsin?" U otaning norizoligiga javoban aytibdiki: "œNikohlab qo‘yganim rost. Ammo, falon yilning falon kuni sen ko‘chadan o‘taturib katta bir o‘tinni ko‘rdingu uni uyingga olib kelding. Xotining shu o‘tinni yoqib taom pishirdi. Ikkoving shu taomni yedilaring va qo‘shildilaring. Buning oqibatida shu bolang tug‘ildi. O‘ylab ko‘rchi, o‘sha o‘tinni sen halol yo‘l bilan topib, uyingga keltirganmiding?"
Deydilarki, "œQush uyasida ko‘rganini qiladi". Izoh berishimiz mumkinki, qush hali uyasida ko‘rmasidanoq nimalar qilishni biladi. Inson bolasiga kelsak, aytadilarki, bola uyida namoz o‘qiyotgan ota-onasini ko‘rsa u ham shunga ergashadi. Chekayotgan yoki ichayotgan ota-onani ko‘rib ularga taqlid qiladi, ularning qilig‘ini qaytaradi. Bolalarning "œmehmon-mehmon" o‘yinini kuzatsangiz bunga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Bola nihoyatda sinchkov, nihoyatda kuzatuvchan bo‘ladi. Siz bilan biz e’tibor qilmagan harakatni darrov o‘zlashtiradi, siz bilan biz e’tiborsiz aytib yuborgan so‘zni qulog‘iga darrov quyib oladi. Lekin namozxonning bolasi hamisha ham namozxon bo‘lavermaydi, aroqxo‘rning bolasi esa, aroqxo‘rlikni kasb qilmaydi. Bunga nima deymiz? Ko‘p hollarda ziyrak bolalar aroqxo‘rlikning halokatli oqibatini yosh ekanliklaridayoq tushunib yetadilar. Otalarining yoki onalarining bu sharmandali hollaridan uyaladilar. Aroqxo‘rlikka qarshi qalblarida nafrat uyg‘onadi va ular shu nafrat bilan ulg‘ayib, bu illatdan uzoqlashadilar. Endi namozxonning benamoz far
zandlari haqida so‘zlasak: ulamolardan biridan "œIlmli, hatto qori odamlarning farzandlari nima uchun e’tiqodsiz chiqib qolishadi?" — deb so‘raganimizda u janoblari "œO‘sha ilmlilar tomoqlaridan o‘tayotgan taomning halol yoki haromligiga bee’tibor bo‘lganlar. Bu demak, ilmlariga amal qilmaganlar. Buning mukofotini esa, farzandlari orqali oldilar",- deb javob qaytardilar. Biz bu javobdan qanoatlandik. Sizga ham bu xulosa ma’qul tushar, deb o‘ylaymiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:36:38
Tibbiy jihatdan, aniqrog‘i irsiyat qonunlari doirasida kuzatadigan bo‘lsak, ota-onalarda mavjud xafaqonlik, sil, qand kabi xastaliklar oradan yillar o‘tib farzandda bosh ko‘taradi. Ota-onaning tashqi ko‘rinishlari, ovozi, hatto yurish yo‘sini ham farzandga ko‘chadi. Shunday ekan, fe’l-atvori ham o‘tishi ma’lum. Ayni shu o‘rinda bahsli mulohaza uyg‘onishi mumkin: demak, o‘g‘rining bolasi o‘g‘ri, to‘g‘rining bolasi to‘g‘ri bo‘larkan-da? Farzand ota-onasining yomon illatlaridan qutula olmas ekanda? Biz bu da’voni inkor etuvchilar qatoridamiz va avvalroq bayon etgan fikrimizda sobit qolamiz. Hindlarning "œDaydi" degan bir filmi bo‘lardi. Raj Kapurni ilk marta tanitgan bu filmni o‘tgan asrning elliginchi yillarida odamlar yig‘lab-yig‘lab tomosha qilishardi. Filmda muhim ijtimoiy masalalar kun tartibiga qo‘yilgan edi. Jaga ismli o‘g‘ri sudyaning "œO‘g‘rining bolasi o‘g‘ri bo‘ladi", degan shiorini yo‘qqa chiqarish uchun uning o‘g‘lini o‘g‘ri qilib tarbiyalaydi.
Shoirlar hayotni gulshanga qiyoslashadi. Chindan ham jinoyatlardan xoli hayot beqiyos darajada go‘zaldir. Ammo, afsus shuki, bu gulshan orasida tikanaklar ham mavjud. Diyonat olami bilan yonma-yon shaytanat olami ham yashaydi. Ular orasida mustahkam devor yo‘q. Adashgan banda, ayniqsa yosh chog‘ida shaytonlar yetovidagi olamga o‘tib qolishi mumkin. Bu olamning faqat bitta yo‘lagi bor. Bu yo‘lak har qanday odamni xorlik dashtidagi o‘lim changaliga olib boradi.
Yusuf Tovasliy hazratlari bir rivoyat aytadilar:
Xalifa hazrat Umar yaqinlari bilan suhbat qurib o‘tirganlarida bir keksa odam xonaga o‘g‘lini boshlab kirib shikoyatini bayon qilibdi:
— Ya Amiral-mo‘’minin! Ko‘rib turganingiz bu yigit kaminaning o‘g‘lidir. Ammo, u farzandlik burchidan bo‘yin tovlaydi, so‘zlarimga quloq osmaydi.
Bu shikoyatni eshitib ajablangan hazrat Umar nobop o‘g‘ilga xitob qilibdilar:
— Ey o‘g‘il, sen Ollohdan qo‘rqmaysanmi! O‘g‘ilning otaga qarshi chiqmog‘ini qaydan o‘rganding? Otangning senda haqlari bor, ularni qanday uzmoqchisan?
Yigit bir oz mulzam bo‘lgani holda asta javob qaytaribdi:
— Menga bag‘oyat to‘g‘ri tanbeh berdingiz, ya Amiral-mo‘’minin. Otaning o‘g‘ilga bo‘lgan haqlari benihoyadir. Ammo, farzandning ham ota-onada haqlari bormi? Otaning o‘g‘il oldida burchlari yo‘qmi?
O‘g‘ilning itoat hududida turib, donolik bilan bergan savoli hazrat Umarni ta’sirlantirib, u zot batafsil javob qaytaribdilar:
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:36:50
— Shubhasizki, otaning burchlari mavjud. Bu burchlarning ayrimlariga hali bola tug‘ilmasidan avval rioya etmoqqa majbur. Xususan, uylanish vaqti kelganida nomusli ayolni nikohiga olishi kerak, toki bola tug‘ilgach, onasining o‘tmishidan uyalmasin. Farzand tug‘ilgach, unga yaxshi ism qo‘yishi joiz, toki bola o‘zining ismini eshitganida izza chekmasin. Bolaga yaxshi tarbiya berishi, xususan, aqli yetganicha dinni o‘rgatmog‘i shart, toki farzand bolalik chog‘idanoq to‘g‘ri yashamoqlikning sirlaridan xabardor bo‘lsin, hayotning tikonli so‘qmoqlarida qoqilib aziyat chekmasin. So‘ng esa, uylanish yoshiga yetganida besabab paysalga solmay, aqlli, iffatli, bokira qizga uylantirishi zarur. Buning aksi bo‘lsa, farzandiga yomonlik qilgan bo‘ladi. Chunki ota-onaning yomon fe’li bolaga ham o‘tadi. Shuning uchun nomus ahlidan birini topish ota-ona burchidir.
Hazrat Umarning javobini eshitgan yigit, so‘zlamoqqa izn so‘rab debdiki:
— Ayni hikmatlarni so‘zladingiz, ya Amiral-mo‘’minin. Ammo, haqiqat shuki, siz bayon etganlarning hech birini otam ado etmaganlar. Bu burchlarini bajarmaganlar. Onam bo‘lmish ayolni qul bozoridan sotib olib, fe’l-atvorlarini, nasl-nasablarini bilmaganlar. Siz chiroyli ism qo‘ymaklikni ta’kid etdingiz. Otam esa "œJual", (ya’ni sahroning qora qo‘ng‘izi) deb ism qo‘yganlar. Tarbiya bermakni, dinni o‘rgatmaklikni butkul unutganlar. Yoshim anchaga bordi, biroq, uylantirish haqida o‘ylamaydilar.
Yigitning so‘zlaridan ta’sirlangan hazrat Umar shunday debdilar:
— Ey odam! Sen o‘zingni "œotaman" deb da’vo qilyapsan. Yana "œO‘g‘lim menga isyon qiladi, gaplarimga quloq solmaydi, menga azob beradi", deb noliyapsan. Aslida esa, sen o‘g‘lingga isyon etgansan. O‘g‘lingga yomonliklarni ravo ko‘ribsan. Unga sen o‘zing jafo qilibsan. Xatoni sen qilgansan. Endi men senga nimani ravo ko‘rishim mumkin? Endi senga men qanday yordam beray? Endi harna bo‘lsa ham chidaysan — boshga tushganni ko‘z ko‘rar. O‘zingga o‘zing yomonlikni ravo ko‘ribsan, boshqalardan ayb qidirma...
Rivoyatdan ma’lum bo‘lyapti-ki, biz izlayotgan jinoyat yo‘liga burilish nuqtasini faqat onaning homiladorlik vaqtidan emas, balki undan ancha ilgariroqdan izlasak ham bo‘lar ekan. Sharafli hadislarning birida zikr etilishicha, bola pok ravishda tug‘ilarkan. Uning oqibatda mo‘’min yoki kofir bo‘lmoqligi esa, ota-onaning tarbiyasiga bog‘liq ekan. Mazkur mazmunni suhbatimiz mavzuiga ko‘chirsak, bolaning to‘g‘ri yoki jinoyat yo‘lini tanlashi ota-onaning hatti-harakati bilan belgilanarkan. Aybdorlarni maktabdan yoki militsiyadan qidirmog‘imizda esa, ma’no yo‘qligini inkor etmasak ham bo‘lar. Zotan, ma’lum nuqtalarda ularning xatosi tufayli ham asosiy burilish nuqtasi sodir bo‘lmog‘i mumkinki, bu haqda ham o‘rni kelganda fikrlashamiz. Mazkur bobga yakun yasashdan avval uzoq tarixga ega bo‘lgan, ko‘pgina manbalarda turli ko‘rinishda zikr etilgan rivoyatni eslaymiz:
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 12:37:01
Uch-to‘rt yoshli go‘dak qo‘shnisinikidan tuxum olib chiqib onasiga beradi. U bu qilmishining o‘g‘irlik ekanini bilmaydi. Tuxum ko‘ziga chiroyli ko‘ringani uchun olgan. Harom va halolning farqiga borishi lozim bo‘lgan, ammo, bunga amal qilmaydigan johil ona esa, bolasini qaytarish o‘rniga tuxumni uning qo‘lidan olib:
— Mening aqlli bolaginam, onasiga mehribon shiringinam, — deb alqaydi.
Bola esa, qo‘shnisinikidan tuxum (o‘g‘irlab) olib chiqishni odat tusiga kiritadi. Chunki onasining maqtovlaridan bu ishni xayrli deb biladi. Oqibatda bola ulg‘aygani sayin o‘g‘irlik miqdori ham orta boradi. Tuxumdan tovuqqa, tovuqdan qo‘yga... Nihoyat, u ashaddiy jinoyatchiga aylanadi-yu, qo‘lga tushib o‘limga hukm qilinadi. Ona esa yolg‘iz o‘g‘liga shafqat qilishlarini so‘rab yolboradi. Onaning iltijolari e’tiborsiz qoldirilib, o‘g‘ri yigit dor ostiga keltirildi. Unga: "œSo‘nggi tilagingni ayt, bajaraylik", — dedilar. Yigit: "œO‘limim oldida onajonimning tillaridan bir o‘pay", — deb iltimos qildi. Onani yaqin keltirdilar. Yigit onasining tilini o‘pish o‘rniga tishlab uzib tashlaydi. Olomon: "œBu qattol buncha bemehr ekan", — deb uni la’natlaydi. Shunda yigit: "œMeni jinoyat yo‘liga burib, dor ostiga olib kelgan shu tildir. Avval u jazo olmog‘i kerak edi", — degan ekan.
Endi bozorda o‘g‘irlik molni sotib jazolangan yigitning otasini eslaylik: uning tili farzandiga "œBolam, sen hali yoshsan, bozorga intilaverma. Bozor shaytonning masjidi ekan, unda har turli nayranglar borki, yaxshi yomonni ajratishga hali sening murg‘ak aqling zaiflik qiladi. Birov senga molini arzonroqqa sotishga intilsa, bilki, u mol gumonlidir. Ko‘proq foyda olish hissi ko‘zlaringni ko‘r qilib qo‘ymasin..." — dedimi ekan? Demagandir... Bu kabi tanbehlarni kim berishi kerak edi? Ota ayblayotgan militsiyami yoki sud idorasimi yoki maktabmi? Yigit belgilangan jazo muddatini o‘tab chiqqanidan keyin shubhasiz, bo‘lib o‘tgan voqea oilada muhokama qilinadi. Ajab, ular qanday xulosaga kelishar ekan? Ota yoki ona "œBolam, endi bozorga yo‘lama, bu sen qiladigan ish emas ekan", deyisharmikin? Bizningcha, ular to‘g‘ri xulosa chiqara olmasalar kerak. Aksincha, qamoqdan qutqarib qolishga yoki boshqa ishlarga sarflangan xarajatlarni chiqarib olishni o‘ylashar. Ana shunda hayot yo‘lidagi ikkinchi burilish nuqtasi boshlanmasa edi... Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, deyishadi. Basir ko‘zlar esa, ketma-ket yo‘qotaveradilar, afsusli yeri shunda...
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:19:44
Bolalar xossatan ma’lum bir oilaning farzandi, ommatan esa, mamlakatning, butun
dunyoning farzandidir. Ular, ijtimoiy-siyosiy hayot nuqtai nazaridan qarasak — ertaning tarixini yaratuvchilardir. Oilaviy tomondan olsak, ular ham ertami-indin ota-ona bo‘ladilar. Ertami-indin ular ham o‘z farzandlarini tarbiya etadilar. Ayni zamonda (agar tirik bo‘lishsa) o‘z ota-onalariga mehribonlik qiladilar. Qur’oni karim oyatidagi ta’bir bilan aytilsa, xokisorlik qanotlarini pastlatmoqlari (farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi) lozim bo‘ladi. Bizning farzandlarimiz — bizning qariligimizdir. To‘g‘ri tarbiya — xayrli oqibat, ya’ni saodatli qarilik. Yomon tarbiya — g‘am-alamga, xorlikka qorishgan qarilikdir. Faqat bugina emas, el-yurt oldidagi burchimizni bajara olmaganimiz oqibatida bo‘ynimizga tushadigan gunohdir. Ayrim ota-onalar uchun esa, tavqi la’natdir. Olloh shunday bo‘lishdan asrasin, hidoyatdan adashtirmasin.
Tarbiya borasidagi ota-ona burchi haqida gapirilganda qavm- qarindoshlarning mas’uliyatini ham nazardan chetda qoldirmaslik zarur. Ota-ona farzandidan shikoyat qiladigan bo‘lsa, avvalo bolaning tog‘asi yoki ammasiga, xolasi yoki amakisiga murojaat etadi, maslahat so‘raydi yoki "œnasihat qilib qo‘yishini" so‘raydi. Ayni zamonda bola ota-onasidan arazlasa, u ham birinchi galda ko‘ngliga yaqin olgan qarindoshlarinikiga boradi. Ba’zan "œshu yerda qolaman, uyga bormayman", deb oyoq tirab ham oladi. Xo‘sh, bu holda qarindoshlar qanday yo‘l tutishlari kerak, bu ham bizlarni o‘ylatadigan muammolardan biridir.
Agar e’tibor berilgan bo‘lsa, "œKim aybdor?" degan savolga aniq javob qaytarolganimiz yo‘q. So‘zlarimiz quruq bo‘lib qolmasligi uchun kichik tadqiqot o‘tkazdik. "œBolaning yomon yo‘lga kirib ketishiga kim aybdor?" degan savolni o‘rtaga qo‘yib, unga:
1. Ota-ona.
2. Maktab (litsey, kollej).
3. Militsiya.
4. Mahalla, qo‘ni-qo‘shni.
5. Televidenie, video — degan javoblarni havola qildik. Umumiy hisobda, taxminan yigirma foiz kishi — ota-ona, o‘n besh foizi — maktab, o‘n foizi — militsiya, o‘n besh foizi - mahalla va qo‘ni-qo‘shni, so‘ralganlarning o‘ttiz besh foizi esa, televidenie, videoni aybdor, deb javob berdilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:20:08
Javoblar xulosasini "œumumiy hisobda, taxminan" deb belgilaganimizning sababi bor. So‘rov bir emas, bir necha joylarda, turli kasb egalari orasida o‘tkazildi. Javoblar ham bir-biridan keskin farq qildi. Bir mahalladagi so‘rovda ishtirok etganlar ota-onani ko‘proq aybdor, deb bilsalar, boshqa mahallada aksincha bo‘lib chiqdi. Faqat bir javob: "œtelevidenie va video aybdor", degan fikr barcha yerda g‘olibligicha qolaverdi. Bolalar qamoqxonasida farzandlarini yo‘qlab kelganlarga shu savol berilganda "œota-ona aybdor", degan javob o‘n bir foizni tashkil etdi. "œMilitsiya aybdor", degan javob esa, eng ko‘p foizni tashkil qildi.
Mazkur tarzdagi tadqiqot kengroq miqyosda, qayta-qayta o‘tkazilgan taqdirda ham foizlardagi farq o‘zgarishi mumkin, ammo mutlaq to‘xtamga kelish mumkin emas. Chunki jinoyatlarga doir holatlar hamma yerda har xil. Odamlarning kuzatish nuqtalari ham turlicha. Tahlil qobiliyatlari ham bir xil emas. Masalan, so‘rov muallimlar orasida o‘tkazilsa "œo‘qituvchi aybdor", degan javob eng kam foizni tashkil qilishi tayin. Bir maktabdagi so‘rovimizda bu javobga faqat bittagina odam ovoz beribdi. Militsiya xodimlari orasidagi so‘rovning natijasi ham shunga yaqin.
Bolalarning jinoyat yo‘liga kirishiga maktab aybdor emas, deguvchilarning dalillari bor: agar kunu tun yigirma to‘rt soatni tashkil etsa, shundan 8—9 soati uyquga ketadi. Bola 5—6 soat mobaynida maktabda bo‘ladi. Qolgan payt uyda, ota-onasi bag‘rida bo‘ladi. Shu 5—6 soat mobaynida bolaga ilm berilsinmi yo tarbiya qilinsinmi? Durust, hozir "œodob darsi" tayin qilindi. Lekin, bolaga bir haftada bir-ikki soatni tashkil etuvchi bu darsda odob berib bo‘larmikin? Bu dars sahro bag‘riga tomgan yomg‘ir tomchisi kabi bo‘lmasmikin? Maktabda "œso‘kish yomon illat", deyilsa-yu, uyda otaning tili so‘kishdan bo‘shamasa. Bola qaysi tarbiyaga og‘adi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:20:20
Agar o‘smirning nasha chekayotganiga shubha tug‘ilsa, yoki bu holat isbotini topsa, ota-onasi chaqirilib bu noxushlik bildirilsa qanday javob bo‘lishini tasavvur etib ko‘ring. Ota yoki onaning aksari "œOgohlantirganingiz uchun rahmat", demaydi, aksincha "œKo‘rib olganingiz mening bolam, nuqul yomonlaysiz", deb janjal ko‘taradi. Shunday voqeaga guvohmiz. Maktabning ogohlantirishiga quloq osmagan ota-ona vaqt o‘tib, bola qamoqqa tushganida ham maktabni ayblashdan toymadi. Ayrim hollarda maktabning aybi borligi inkor etilmaydi. Ammo, mazkurda maktab mutlaq aybsiz. Bola nasha chekishni maktabda o‘rganmagan edi.
Yakshanba kuni shomga yaqin mahallaga xabar keladi: maktabning hojatxonasida uch o‘smir nasha chekishayotgan ekan. Mahalla faollari bilan militsiya noziri borishadi. Kayfdagi bolalar militsiyaga emas, mahalla idorasiga olib kelinadi. Uylariga qo‘ng‘iroq qilinadi. Birining otasi "œBorishga vaqtim yo‘q", — deb javob beradi. "œO‘g‘lingiz nasha chekar ekan, shuni bilasizmi?" — deb so‘ralib, "œBilaman, nima qilsalaring qilaveringlar", — degan javob eshitiladi. Uch nashavand o‘smirning ota-onalari ham maktabni ayblashlari ajablanarli. Maktabning hojatxonasida chekishsa maktab aybdor bo‘lib qolmaydi-ku?
"œKim aybdor?" masalasidagi talashuv azaldan mavjud. Yigirmanchi asrning so‘nggi o‘n yilligidagi javoblar bahsida "œtelevidenie" degan fikr tobora kengroq o‘rin ola boshladi. Televidenie va video ayniqsa sharqona tarbiya, odob bilan chiqisha olmay qoldi. Frantsiyalik yozuvchi Mopassan behayo voqealarni tasvir etishi bilan olam aro mashhur bo‘lgan. Hindistonlik ulug‘ adib Tagor "œIshqilib mening xalqimga Mopassan yetib kelmasin", — deb umid qilgan ekan. Tagor millatiga xos odob pokizaligini saqlash qayg‘usida shunday degan. Hind kinolarida sevishganlarning o‘pishishlarini ko‘rsatmaslik shu odob talabi asosidadir. Ne ajabki, ayni shu Hindistondagi yashirin kinostudiyalar ishlab chiqarayotgan behayo filmlar dunyoda yetakchi o‘rinlarda hisoblanadi. Bugungi o‘smir-yoshlarga Otelloning rashkli muhabbati begona, Otabek va Kumushning taqdirini yig‘lab o‘qimaydilar. Ularda surur(romantika) yo‘qmi yoki qahri qattiq bo‘lib o‘syaptilarmi? G‘arb kinolari sel kabi yog‘dirayotgan "œErkin muhabbat" "œg‘oya"si, ya’ni istagan kishisi bilan it singari qo‘shilib ketaverish odati odamiylik odobidan g‘olib kelyaptimi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:21:27
Rossiya televideniesida mash’um fojea haqida xabar berilib, bunda g‘arb kinolari ayblandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘n olti yoshli o‘smir uyiga sal kechroq kelganida onasi va akalari tomonidan tanbeh eshitadi. Bu tanbeh unga yoqmay, oshxonadan bolta ko‘tarib chiqib onasi bilan akalarini sovuqqonlik bilan chopib tashlaydi. Qo‘rqib ketgan ukasiga pul berib, buvisinikiga jo‘natadi. O‘zi esa xotirjam holda ko‘chaga chiqib, pivoxonaga boradi. Men uning javoblarini eshitib hayratga tushdim. U o‘zini mutlaq aybdor his qilmadi. O‘z erkini himoya qilgan emish. Nazarimda, faqat ruhiy kasal odamgina o‘z onasini chopib tashlashi mumkin. Bu o‘smirda ruhiy xastalik alomati sezilmadi. Suhbatlashayotgan muxbirning ta’kidlashicha, yigitcha zulm, o‘ldirishlarni aks ettirgan bir filmni sakson olti marta ko‘rgan ekan. Muxbirning fikricha, aynan shu kino g‘oyasi bolani sovuqqon qilib qo‘ygan va oqibatda onasini chopayotganda qo‘li qaltiramagan. Muxbirning xulosasiga e’tiroz bildirmaymiz. Biroq, bir savolni o‘rtaga tashlab, fikrlashga da’vat qilamiz: televidenie yo‘q paytida, bema’ni kinolar ishlanmagan davrlarda ham jinoyatlar bo‘lib turardi. Bunga nima deymiz?

BO‘YSUNMAS BOLALAR

 O‘chdan boshlangan jinoyat

 Yolg‘on - yovuzlik timsoli

 Yaponlar bolani jazolamaydi

 Do‘stlik va xoinlik
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:21:51
Tarbiyaga oid ilmiy asarlarda "œtarbiyasi og‘ir bolalar", "œog‘ir bolalar" degan atamalarni uchratamiz. Bular ruscha atamalarning so‘zma-so‘z tarjimasi bo‘lgani uchun biz tilimizda mavjud "œbo‘ysunmas" iborasini ma’qul topdik. Chunki tarbiyaning og‘iri yoki yengili bo‘lmaydi, balki tarbiya mezonlariga bo‘ysunmaydigan bolalar bo‘ladi. Bundaylarni xalqda turli nom bilan ataydilar: "œshum", "œshumtaka", "œbebosh", "œbezori", "œxuligan"... ("œXuligan" — angliyalik bir bezorining nasabi (familiyasi), hech kimga so‘z bermay, janjal qilishda nom chiqargan bu yigitning nasabi dunyo bo‘yicha atamaga aylanib qolgan. Avvallari bezori bolalarni "œsamarska", deb ham atashardi. O‘ttizinchi yillarda Samara shahridan yopirilib kelgan och-yupun bolalar o‘g‘irlik, talonchilik bilan shug‘ullanishgan. Xalq shularga o‘xshagan bolalarni "œsamarska" deb atagan.) Bunday bolalarni sho‘xlik bilan jinoyatchilik orasidagi toifa desak ham bo‘lar. Sho‘xlik me’yoridan oshsa, shumlik boshlanadi, bu ham vaqtida to‘xtatilmasa jinoyat eshiklarini ochadi. Shu sababli ham xalqda "œSho‘x bo‘lsa mayliyu shum bo‘lmasin", degan gap bor.
Mazkur bobning sarlavhasini "œQanday bolalar jinoyat yo‘liga kiradilar?" deb nomlasak ham bo‘lardi. Bu savolga har kim har xil javob qaytaradi. Bo‘ysunmaslar faqat o‘smir yoshida emas, balki barcha yoshdagi odamlarda uchraydi. Bo‘ysunmaslar kimlar? Faqat jinoyatchilar yoki jinoyat ko‘chasi tomon burilayotganlarmi? Bularning barchalari albatta qamoqxona sho‘rvasini totib ko‘radilarmi? Yo‘q. Bo‘ysunmaslik, avvalo, noto‘g‘ri tarbiyaning yoki bolaga nisbatan noto‘g‘ri munosabatning natijasi.
Bir necha marta qamalgan odam bilan suhbatlashganimizda u o‘zidagi bo‘ysunmaslikning boshlanishini, yuqoridagi ta’bir bilan aytsak, burilish nuqtasini aynan o‘ziga bo‘lgan adolatsiz munosabatda ko‘rdi. Suhbatdoshimizning aytishicha, yettinchi sinfda o‘qiyotganida muallim uni o‘g‘irlikda ayblaydi. Gumon isbot etilmasa-da, ko‘pning huzurida uni izza qiladi. Muallim o‘z xayolida o‘quvchini shu tarzda tarbiya qilgan. Bu yerda ham noto‘g‘ri tarbiya, ham adolatsiz munosabat bir nuqtada uchrashib, bolaning ruhiyatini parchalab tashlagan. Uning qalbida bo‘ysunmaslik, o‘ziga xos isyon tug‘ilgan. "œSen meni o‘g‘ri dedingmi, o‘g‘irlash mana bunaqa bo‘ladi", deb o‘ch olmoqchi bo‘lgan. Islom diniga xos tarbiya usullariga ko‘ra, kishi bir noto‘g‘ri ish qilsa, uning xatosini birodari, albatta, aytishi shart. Lekin... ko‘pning orasida izza qilish yoki sharmandasini chiqarish yo‘li bilan emas, yakka o‘ziga xoli joyda bosiqlik bilan tushuntirishi kerak. Sovet tarbiya usuli buni rad etdi. Ko‘pning ta’siri — "œkollektiv" tarbiyani ma’qul ko‘rdi. Holbuki, ko‘pchilik hamisha ham to‘g‘ri xulosa chiqaravermaydi. Ko‘pchilik o‘zining fikriga emas, balki jamoaning yetakchi shaxsi gapiga qaraydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:22:42
Maktabda eng ko‘p qo‘llaniladigan bahona — "œdaftarim uyda qolibdi". Bir sinfda shunday hol yuz berganida muallim "œbolalar, o‘rtog‘ingiz dars tayyorlamagani uchun bahona qilib aldamayaptimi, uyiga borib daftarini olib kelsinmi?" — deb so‘raydi. Bolalar bu taklifga yuz foiz qo‘shilishadi. Muallim o‘sha o‘quvchini sinfdan chiqarib, "œketmay, shu yerda tur", deb dahlizda qoldirib qaytadi-da: "œBolalar, ko‘chada qor yog‘yapti. Sovuqda o‘rtog‘ingiz qiynaladi. Balki sirpanib yiqilib tushar, balki oyog‘ini sindirib olar, balki mashina urib ketar. Uni shu paytda uyiga yuborib to‘g‘ri qildikmi, balki bizni aldamagandir, yubormasak bo‘lardi, a?" deydi. Bolalar yana bir ovozdan "œto‘g‘ri, yubormaslik kerak edi, chaqirib kelaylik", deyishadi. Muallim bu o‘rinda tarbiyaning yaxshi, ishonchli usulini qo‘llagan. Bu o‘rinda bolalarning bir-birlariga mehr-muhabbatlari, bir-birlarining taqdirlariga befarq qaramasliklari yo‘lidagi tarbiyani ham ko‘ramiz.
Biz "œbo‘ysunmas" deb ta’riflayotgan bolalarning turli toifalari mavjud. Shulardan biri — qo‘polligi, shumligi, intizomsizligi bilan ajralib turadi. Maktabda ham, mahalla-ko‘yda ham bunday bolalardan bezishadi. Bu bolalar oxir-oqibat jinoyatchiga aylanishadi, deb o‘ylashadi. Bizningcha, bu xato fikr. Shumtakalarning barchasi ham jinoyat olamiga qarab yurmaydi. Kattalar ularni tushunishga harakat qilishlari kerak. Intizomsizliklari sababini aniqlash zarur. Shunday sabablardan biri - ularning o‘yinqaroqligida bo‘lishi mumkin. Bunday bolalarda ichki g‘ayrat, ichki hayajon va shunga yarasha ma’lum bir narsaga yoki holatga nisbatan kuchli qarshilik ham mavjud bo‘ladi. Bunday bolalar haqida so‘z ketsa "œu o‘t-olovning o‘zi", deb ta’rif ham beriladi. Demak, kattalar o‘sha "œo‘t-olov"ning alangasidan to‘g‘ri foydalanishni bilishlari kerak bo‘ladi. Bunday bolalarga mayda ish, aytaylik, guruchning kurmagini tozalashni buyursangiz, avvalo, bo‘yin tovlaydi, zo‘rlasangiz vazifani chala bajaradi. Mayda ishlarni qilishda yuragi siqilib ketadi. O‘qishga munosabatlari ham shunday. O‘zlariga yoqmagan fanlardan qochishga harakat qilishadi. Bunday bolalarga kuch talab qiladigan, qiziqarliroq ish topshirilsa, bajonidil bajarishadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:23:26
Bir maktabning sport maydonchasi g‘oyat chang bo‘lib, bolalar to‘p o‘ynashganda devor ortidagi xonadon aziyat chekarkan. Bolalarning shovqinidan hamda maydonda ko‘tarilgan changdan bezgan xonadon sohibi har kuni bolalar bilan urishadi, haydaydi. Bolalar o‘yinni bir zum bas qilishadi. Keyin davom ettiraverishadi. Mojaro to‘xtovsiz davom etadi. Man etilgan ishni bajarish yoki o‘yinni yanada baravj o‘ynash bolalarga xos odat. Shu bois man etishdan avval o‘ringa o‘rin boshqa biron yumushni taklif etib ko‘rish kerak. O‘sha xonadon egasi bolalarni haqoratlab, hadeb haydayvermasdan boshqacha yo‘l tutishi mumkinmidi? Aytaylik, bolalar o‘yinni boshlashganda chelak ko‘tarib chiqib "œBolalarim, men sizlarga suv sepib beray, chang yutmanglar, sizlarga achinyapman", deb ish boshlasa, shubha yo‘qki, bolalar: "œAmaki, o‘zimiz sepamiz", deb chelakni qo‘lidan olishadi. Birinchi safar chala-chulpa bo‘lsa ham o‘zlari suv sepadilar. Lekin bu bilan masala hal bo‘lmaydi. Suv sepishni bolalar darrovgina odat qila qolmaydilar. Buning uchun u kishi bu odobga da’vatni chidam bilan, bir necha marta takrorlashi zarur bo‘ladi. Agar qo‘shnilar bilan kelishib, pul yig‘ib rezina ichak sotib olib berishsa yana yaxshi. Bu holatda bolalarni haydash emas, ularni sportning bu turi bilan muntazam shug‘ullanishga da’vat etish maqsadga muvofiqdir. Sport maydonchasini changitib to‘p surgan bola yaxshimi yo hojatxonada biqinib nasha chekayotganmi?
Yana bir toifa bolalar borki, bular avvalgilarining aksidir. Avvalgilarida ichki g‘ayrat bo‘lsa, bulariga yalqovlik, dangasalik, beg‘amlik, loqaydlik hukmronlik qiladi. Avvalgilari bir ishni rad etib, ikkinchisini jonu dili bilan bajarsa, bulari uchun har qanday ish jonning azobi hisoblanadi. Maydonni changitib to‘p surishga ham erinishadi. Latifanamo bir rivoyat bor: ikki yalqov yotgan uyga o‘t ketibdi. Ular o‘rinlaridan turib qochishga ham, yordam so‘rashga ham erinib yotaverishibdi. Olov birining oyog‘ini kuydira boshlaganda erinibgina "œEy, Xudo!" deb qo‘yibdi. Shunda ikkinchisi sherigiga: "œMen uchun ham Xudo deb qo‘ygin",- degan ekan. Kattalar orasida ham bundaylar topiladi. Dangasalikda suyagi qotgan kattalarni tarbiya etish mumkinmasdir.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:23:45
Ammo bolalik va o‘smirlikda urinib ko‘rish kerak. Bu holatda kattalardan chidam va qunt bilan birgalikda ziyraklik ham talab qilinadi. Har qanday yalqov bolada yilt etgan g‘ayrat cho‘g‘i, oz bo‘lsa-da, nimagadir nisbatan qiziqishi mavjud ekan, ana shu cho‘g‘ni, qiziqishni vaqtida ilg‘ab ola bilish zarur. Ana shu cho‘g‘ni alanga oldirish tarbiyachining burchi hisoblanadi. ("œTarbiyachi" deganda biz ota-onalarni, muallimlarni, xullas, bolalar tarbiyasiga mas’ullarni nazarda tutamiz). Ana endi ikki toifa bola sizga ro‘para qilinib: "œbularning qay biri jinoyatga moyil", — deyilsa shumtakalarni ko‘rsatarsiz. Holbuki, dangasalarning jinoyatchiga aylanishlari ehtimoli ham kam emas. Yalqovlarni jinoyatga nima da’vat etadi? Ular ham boshqalar kabi yaxshi yashashni, yaxshi maishatlar dengizida suzib yurishni orzu qilishadi. Ularning ma’lum bir qismi taqdirga tan berib, "œbersang — yeyman, ursang — o‘laman", qabilida yashayverishi mumkin. Ozroq qismi esa o‘z oldiga: "œNima uchun u yaxshi yashaydiyu men muhtoj kun ko‘rishim kerak?" — degan savolni qo‘yib, uni o‘zicha hal qilmoqchi bo‘ladi. Yalqov "œU g‘ayratli bo‘lgani uchun yaxshi yashayapti, senam jon kuydirgin", — degan haqiqatni chetlab o‘tib, yengilroq yo‘lni izlaydi. Bu yo‘l, shubhasiz uni jinoyat olamiga yetaklaydi. Shumtaka jinoyat olamiga adashib kirishi mumkin va intilsa, undan chiqib keta oladi. Yalqov esa ongli ravishda kiradi, undan chiqib ketishga intilmaydi. Bu olamda o‘zi orzu qilgandek yayrab-yashnamaydi. Xorlik va xo‘rlikning turli ko‘rinishlarini tatib ko‘radi.
Bo‘ysunmas bolalarning yana bir toifasiga yolg‘onchilik xos bo‘ladi. Islomiy jihatdan yolg‘onchilik og‘ir gunohlardan hisoblanadi. Ko‘p jinoyatlarning tug‘ilishi aynan shu yolg‘ondan boshlanadi, desak fikrimizga qo‘shilarsiz. Frantsuzlarning buyuk adibi Viktor Gyugo "œYolg‘onchilik - yovuzlik timsoli", degan ekan. Yana bir yozuvchisi Jyul Renar esa "œYolg‘onchilik - o‘g‘irlikdan battar", deb ta’rif bergan. Bolalikdan yuqtirilgan bu xastalikni keyin davolash qiyin. Buni giyohvandlikka qiyoslash ham mumkin. Agar bu odam yolg‘ondan sal nari ketsa atrofidagilarning barchasi unga zerikarli tuyula boshlaydi. Rus adibi Anton Chexov "œYolg‘onchi o‘layotganida ham yolg‘on gapirib o‘ladi", deganida mutlaqo haq edi. Shu o‘rinda kattalar boladagi quruq yolg‘on bilan xayolotga moyillikni (fantaziyani) ajratib ola bilishlari kerak. Kishi yanglishgan paytda buni sezish qiyin emas, ammo aldayotganida hamma ham farqlayvermaydi. Agar yolg‘on haqiqat kabi bir xil bo‘lganda aldovning teskarisini tushunish bilan masala hal bo‘lardi. Haqiqat — bitta. Uning aksi bo‘lmish yolg‘onning qiyofasi behisob, uning had-chegarasi ham yo‘q. Shu bois bola yolg‘on ishlata boshlaganida nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirish kerak.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:24:13
Ayrim bolalarda xayolot quvvati ancha kuchli bo‘lib, orzu qanotida uchishni xushlaydilar. Ba’zan orzulari haqiqat kabi ko‘rinishi ham mumkin. Kattalar bu paytda ularning orzularini parchalab, xayollarini bo‘g‘ib qo‘ymasliklari lozim. O‘t-olov bolalarning g‘ayratini to‘g‘ri yo‘naltirish qanchalik zarur bo‘lsa, bu orzularni ham jonlantirishga yordam berish shunchalik muhimdir. Olti yoshli bola ariq bo‘yida o‘ynab turib, kalishini suvga tushirib yuboradi-da, onasiga kelib: "œOyi-chi, oyi, biz ka-atta baliq tutdik",- deydi. Ona: "œTutgan balig‘ing qani?" — deb so‘raganida bola: "œO‘sha baliq kalishimni kiyib qochib ketdi", — deb javob beradi. Shunda ona: "œYomon baliq ekan-da, endi ariq bo‘yida o‘ynama, kalishingni ehtiyot qil", — qabilida shirin gap bilan bolani ovutishi yoki "œKalishingni yo‘qotdingmi, hali meni aldamoqchimisan?"- deb kaltaklab qolishi ham mumkin. Bolaning yolg‘on gapirishini oilada ko‘p uchratamiz. Agar go‘dak yomon ish qilib qo‘ysa bunga yarasha jazo olishini biladi va bu jazodan qochish chorasini izlaydi. Zo‘rlik mavjud joy yolg‘onchilikning tug‘ilishi uchun eng qulay muhit hisoblanadi. Uning uchun eng yaxshi chora — aldov. Agar aldovi ish berib jazodan qutulib qolsa bu choraga tobora bandi bo‘lib boraveradi. Bola yelkasida qanchalik og‘ir yuk borligini fahmlamaydi, bilmaydi. Dastlabki yolg‘onini davom ettirish, uni quvvatlash, haqiqatga aylantirish uchun yana o‘nlab yolg‘onlarni to‘qiydi.
O‘n emas, ming yolg‘on to‘qiganida ham haqiqatga aylanmasligini u hali anglab yetmaydi. Kattalar esa aldovga turli munosabatda bo‘lishadi. Ayrimlar "œMurabboni mushuk yeb qo‘ydi", degan aldovga kulimsirab qo‘ya qoladilar. Ba’zilar "œpiyolani opam sindirdi", kabi aldovdan g‘azablanib ketadilar. Bu o‘rinda farzandiga "œNima yomon ish qilsang ham o‘zing tan olgin, to‘g‘risini gapirsang jazolamayman", deb tarbiya beruvchilarning uslubini ma’qullash mumkin. Bolada yolg‘onchilikning tug‘ilishiga asosan kattalardan kutilajak jazo vahimasi sabab bo‘ladi. (Yaponiyada uzoq yil ishlab kelgan odamdan "œYaponlar bolalarini qaysi usulda jazolashadi?" — deb so‘ralganida "œYaponlarda bolani jazolash, degan gap yo‘q",- deb javob qaytargan edi. Xuddi shunga o‘xshash yahudiylarning tarbiyasida ham bolalar qattiq jazolanmaydi, balki har tomondan avaylab-asraladi. Ularda farzand ilohiy mo‘’jiza sifatida ulug‘lanadi. Biz biron tanishimiz yoki mehmonga bolamizni tanishtirsak, "œO‘g‘lingiz azamat yigit bo‘lib qolibdi-ku", — degan lutfiga javoban: "œazamat-ku, lekin sal yalqovroqda (yoki sal ahmoqroqda)",- deymiz. Yahudiylarda bunaqasini uchratmaysiz. Ular bolalarini faqat maqtaydilar. Zehni past bo‘lsa ham "œmening bolam shunday aqlli-ki..." deb alqaydilar. Biz esa haligi "œsal ahmoqroq-da" degan gapimizni bolamizning o‘ziga eshittirib aytamiz va bu bilan undagi yaxshilik urug‘larini quritishga xizmat qilib qo‘yganimizni (o‘zimiz aqllimizda!) fahmlamaymiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:24:25
Bir ayol ovqatga unnayotib go‘dagini katta qiziga beradi-da: "œUkangga yaxshi qara, yiqitsang — o‘ldiraman", — deb po‘pisa qiladi. Bunday po‘pisalarni ko‘p eshitamiz, quruq gap ekanini ham bilamiz. Ittifoqo, qizcha ukasini yiqitib yuboradi, tabiiyki, go‘dak yig‘laydi. Bolaning yig‘isini eshitgan ayol piyoz to‘g‘rayotgan pichog‘ini qo‘yishni ham unutib, shoshqich ravishda chiqadi. Onasining qo‘lida pichoq ko‘rgan qizcha "œyiqitsang — o‘ldiraman", degan po‘pisani eslaydiyu qo‘rqqanidan tildan qoladi. Garchi ona qizini o‘ldirishni xayol qilmagan bo‘lsa-da, uni turli sabablar bilan tez-tez jazolab turgan va so‘nggi po‘pisa ham bolaga amalga oshuvchi hukm bo‘lib tuyulgan. Bunga o‘xshagan voqea o‘zgacha oqibat bilan tugashi ham mumkin. Jamiyatda oz bo‘lsa-da, bolaning uydan qochib ketish holati uchrab turadi. Qochib ketishning sabablaridan biri ota-onaning nobopligi — aroqxo‘rligi yoki tinmay janjallashishlari bo‘lsa, ikkinchisi aynan o‘sha qo‘rquvdir. Yana bir sabab borki, bu haqda keyinroq fikrlashamiz.
Bolalar o‘zlariga nisbatan e’tiborsizlik mavjudligini sezsalar ham ba’zan yolg‘on to‘qiy boshlaydilar. Bunaqa hol ko‘p bolali oilalarda uchraydi. To‘g‘ri, ota-ona uchun barcha farzand bir - suyumli. Besh barmoqning qay birini tishlamang, og‘riydi. Ammo, ota-ona o‘zlari bilmagan tarzda farzandlaridan biriga ko‘proq, ikkinchisiga kamroq e’tibor berishlari mumkin. Agar bolalardan biri nimjonroq yoki kasalvandroq bo‘lsa, unga ko‘proq parvona bo‘linadi. Bu parvonalik boshqa farzandga o‘zgacha tuyuladi. Bolalik ongi "œAkang (yoki ukang) kasal, onang (yoki otang) shu sababdan unga ko‘proq qarashadi", demaydi. Aksincha, "œMendan ko‘ra uni ko‘proq yaxshi ko‘rishadi", degan o‘ksikli xulosaga keladi. Maktabda ayrim muallimlar suyukli va yoqimsiz o‘quvchilariga munosabatlarini oshkor qilib qo‘yadilar. Agar uyda o‘ksigan bola sinfda ham shunday e’tiborda bo‘lsa unda atrofidagilarga nisbatan norozilik, hatto nafrat uyg‘onadi. O‘zini e’tiborlilar qatorida ko‘rish uchun yolg‘ondan foydalanadi. Uyda maktab haqida, maktabda uy haqida yolg‘on gaplarni ayta boshlaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:24:44
Do‘stlik haqidagi noto‘g‘ri tushuncha ham bolani yolg‘on aytishga majbur qiladi. Agar o‘rtog‘i biron nojo‘ya ish qilgan bo‘lsa, bola uning aybini yashirish uchun yolg‘on so‘zlaydi. Bolaga aybni yashirish emas, xatoni tuzatishga yordam berish — chin do‘stlikdir, degan tushunchani singdirish oson emas. Orada "œxoinlik" degan tushuncha ham bor. Agar bola do‘stining aybini oshkor qilsa, unga "œxoin" degan tavqi la’nat yopishtiriladi. Demak, yolg‘onning birinchi sababi do‘stining taqdiridan chinakamiga qayg‘urish bo‘lsa, ikkinchisi "œxoin" degan nom olishdan qo‘rqishdir. Ko‘rinib turibdi-ki, yolg‘onning ildizlaridan biri qo‘rquvning yana bir turiga taqalyapti. Ildizlardan yana biri ikkiyuzlamachilik, laganbardorlikka ham borib ulanadi. Yuqorida zikr etganimiz — atrofidagilarning diqqatini o‘ziga jalb etish istagi bolani shu yo‘lga undaydi. Boshqalarni yomonlash uchun yolg‘on to‘qiladi.
Yolg‘on xususida so‘z yuritganda hazrat Alisher Navoiyning tanbehlarini tilga olmasak bo‘lmas. Hazrat debdilar-ki: "œHar kimningki so‘zi yolg‘on, yolg‘onligi bilingach - uyatga qolgon. Yolg‘onni chindek gapiruvchi so‘z ustamoni - kumushga oltin qoplab sotuvchi zargar. Yolg‘on - afsonalar bilan uyqu keltiruvchi, yolg‘onchi - alahlovchi. Yolg‘on gapiruvchi g‘aflatdadir. So‘zning bir-biridan farqi ko‘pdir. Ammo yolg‘ondan yomonroq turi yo‘qdir. Yolg‘on gapirish bilan o‘z vaqtini o‘tkazuvchi odam, bu qilig‘i yomon tuyulish o‘rniga, kishilarni aldagani bilan faxrlanadi ham. Yolg‘onchi o‘z gapiga go‘llik bilan quloq soluvchini topsa, ularga yolg‘onni chinga o‘tkazsa, murodiga yetgan bo‘ladi. Yolg‘onchi - Haq qoshida gunohkor, xalq oldida sharmanda. Bunday nahsning beor yuzi yomonlikka o‘girilgan bo‘ladi. Bunday nahsga botgan odam qutlug‘ uydan nari bo‘lg‘ay.
Bayt:
Ul kishini qutlug‘ evdin tashqari surmak kerak,
Qutlug‘ ev dunyodurur, ya’niki, o‘lturmak kerak."
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:25:15
Ya’nikim, yolg‘on so‘zlaguvchini qutlug‘ uydan surib chiqarmoq kerak. Hazrat Navoiy "œqutlug‘ uy" deb dunyoni nazarda tutyaptilar, surib chiqarmoqdan murod esa — o‘ldirmoqdir. Demak, yolg‘onchining jazosi o‘limdir. Bu o‘rinda Navoiy hazratlari o‘lim jazosini tayin etganlarida jismoniy mahv etilmoqni nazarda tutmagan bo‘lsalar kerak. Bunda kishidagi yolg‘onni o‘ldirmoqlik, uni yolg‘onlardan xolis etmoqlikka undalgandir. Yana bir tanbehda hazrat Alisher Navoiy deydilarkim: "œKimki yolg‘on so‘zni birovga to‘nkagay, o‘z qora yuzini yog‘ga bulg‘agay. Ozgina yolg‘on ham ulug‘ gunohdir. Ozgina zahar ham halok qilg‘uvchidir.
Bayt:
Zahrning oz esa miqdori dag‘i muhlikdur,
Ignaning no‘gi zaif ersa dag‘i ko‘r qilur"


Ta’kid etilmoqdakim, zaharning ozginasi ham kishini o‘ldiradi. Ignaning uchi kuchsizday bo‘lsa ham kishini ko‘r qiladi. Navoiy hazratlarining zikr etilmish fikrlari kattalarga xos. Biz o‘rganayotgan yoshlarning toifasi vaqtida tarbiya topmas ekan, jinoyat ko‘chasiga kirib ketmagan taqdirda ham nahsga botgani holda xalq oldida sharmanda bo‘larkan. O‘zining sharmanda bo‘lgani mayli, lekin uning zurriyodidan nimani kutish mumkin? U bolasini qay yo‘sinda tarbiya etar ekan? "œBolam, men kichikligimda yolg‘onchilik kasaliga mubtalo bo‘lib, ma’nan qashshoqlashdim, el aro obro‘sizlandim, sen bu xastalikdan qoch", demoqlikka farosati yetarmikin? Navoiy hazratlarining ta’birlariga qaytsak, bolani yolg‘ondan qaytarmaslik — unga asta-sekin ta’sir etuvchi zahar berish bilan barobar ekan. Agar bola biron ovqatdan zaharlansa darrov chora ko‘rish boshlanadi. Ruhiy olamining zaharlanayotganini bilib turib nega chora-tadbir ko‘rilmaydi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:25:57
Bir bola asabiyroq — arzimagan narsaga jazavaga tushadi, ikkinchisi dimog‘dor, uchinchisi chiranchoq, to‘rtinchisi arazchi, yana hasadgo‘y, jizzaki, takabbur, shuhratparast... Bular qisman tug‘ma bo‘lishi ehtimol, lekin mazkur illatlarning tug‘ilishiga kattalarning bolaga nisbatan e’tibori sababchidir. Bu illatga uchragan bolalar bilan jamoa orasida o‘ziga xos kelishmovchilik, ba’zan to‘qnashuv vujudga keladi. Ana shu to‘qnashuvda ezilayotgan bolaning jinoyat ko‘chasiga burilib ketishi osonroq kechadi. Biz yaxshilik olami deb atayotgan jamoada bola doimiy kamsitilishi evaziga hech nima olmaydi. U jinoyat olamida battarroq kamsitilishi mumkin, lekin, buning evaziga u moddiy rag‘bat oladi. Bola uchun shu rag‘bat ham muhimroqdir. Undan tashqari jinoyat olami bag‘riga olgan bolani yaxshilik olamidagi e’tiborsizlik, kamsitishlardan asraydi. Kechagina
sinfda birov mensimaydigan bola jinoyatchi to‘daga aralashib qolsa, unga nisbatan bo‘lgan e’tibor o‘zgaradi. Unga zo‘rlik qilib yurganlar ham endi o‘zlarini tiyadilar. Kamsitilgan bolaga aynan shu e’tiborning o‘zgarishi muhim bo‘lib tuyuladi. Bu onlarda u oqibatni o‘ylamaydi.
Bo‘ysunmas bolalar orasida yomon o‘qiydiganlar alohida ajralib turadi. Yomon o‘qiydiganlardan maktab ahli bezor bo‘ladi, ulardan tezroq qutilish chorasini izlashadi. Agar majburiy ta’lim qonuni bo‘lmaganda edi, maktabning o‘zi ko‘p bolalarni beshinchi-oltinchi sinfdanoq haydab yuborgan bo‘lardi. Sovetlar davrida maktab bunday bolalarga to sakkizinchi sinfni bitirgunicha chidardi. So‘ng hunar bilim yurtlariga jo‘natishga urinishdi. O‘sha davrdagi tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, maktab o‘quvchilariga nisbatan hunar bilim yurti talabalari orasida jinoyatga moyillik ko‘proq edi. Chunki sakkiz yil badalida maktabning qattiq nazoratida turgan bola hunar bilim yurtiga borgach, bo‘shalgan qushdek o‘zini erkin his qiladi. To bilim yurti muallimlari uning fe’lini anglab yetgunlaricha u istagan qiliqlarini qilaveradi. O‘smir uydan ham, mahalla nazoratidan ham uzoqlashgach, jinoyat ko‘chasiga yaqinlashib qolardi. Ayrim o‘smirlar bu yangi hayotga ko‘nikmay o‘qishni tashlashardi. Bolaning yomon tomonga o‘zgarayotganini sezgan ayrim ota-onalarning o‘zlari farzandlarini bilim yurtidan chiqarib olishib, yana maktabga qaytarardilar. "œNima bo‘lsa ham o‘qish bitgunicha shu maktabda yura tursin", — deb yalinardilar. Ular uchun bu nuqtada bolaning o‘qishi, ilm olishi muhim emas, muhimi — bola yarim kun bo‘lsa-da, nazorat ostida yuradi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:27:43
Yomon o‘qiydigan bolalarga nisbatan ko‘pincha noto‘g‘ri munosabatda bo‘linadi. Diqqat qilinishi lozimki, zehn bobida barcha bola teng emas. Birovi muallimning gapini darrov anglaydi, darsdagi mavzuni sinfning o‘zidayoq o‘zlashtiradi. Ayrim bolalarga Pifagor teoremasini yigirma yil o‘rgating — foydasi yo‘q, o‘zlashtira olmaydi. Demak, o‘qishni istasa ham zehni pastligi tufayli o‘zlashtira olmaydiganlar bor, zehnli bo‘la turib dangasalik qiladiganlar mavjud. Maktab ham, ota-ona ham buni ajratib olishlari shart. "œFalonchi a’lo o‘qiydi, nega sen yomon o‘qiysan",- deb bolani siqavermaslik kerak. Ba’zan "œfalonchi qamalibdi", degan xabarga javoban "œo‘zi maktabda yomon o‘qirdi", degan gaplarni eshitamiz. Bu xulosalarda asos kam. Bir necha maktabdagi holat o‘rganilganda ma’lum bo‘ldi-ki, yomon o‘qiydigan bolalarning to‘rt-besh foizigina oqibatda jinoyat yo‘liga kirar ekan. Qamoqdagi bolalarning yetmish besh-sakson foizida esa, yaxshi o‘qishga qobiliyat mavjudligi, istak borligi aniqlandi.
Biz bo‘ysunmaslikka asos bo‘luvchi ayrim illatlarni jinoyat ko‘chasiga boshlovchi omil, deb ta’riflayapmiz. Aslida esa, bu illatlarning barchasi jinoyatning murg‘ak ko‘rinishidir.
E’tiboringizga havola etilgan muammolardan kelib chiqqan holda fikrlarni jamlashga harakat qilaylik. Bo‘ysunmas bolalarni guruhlarga bo‘lib o‘rganaylik:
Birinchi guruhga jamiyat bilan ochiqchasiga kelisha olmaydiganlar kiradi. Ular jamiyatda odat tusiga kirib qolgan barcha narsalardan norozi bo‘ladilar, bu noroziliklarini amalda namoyon etishga urinadilar. Xushahloqlik talablarini rad etib, badahloqlikni kasb qilish ularni boshqalardan ajratib turadi. Bu bolalarda do‘stlik, qahramonlik haqidagi tushuncha buzilgan, behayolik, uyatsizlik esa, ochiq ko‘rinishda bo‘ladi. Bu bo‘ysunmaslar boshqalardan farqli o‘laroq, qo‘pol muomalali, surbet, urushqoq, bosqinchilikka moyil, darg‘azabdirlar. Xudbinlik, o‘zgalar taqdiriga befarqlik, tanballik, manfaatparastlik, yulg‘ichlik, boqimandalik... illatlari oqibatda bularni jinoyat olamining bandalariga aylantirib qo‘yadi. Tarbiya bobida barchani azobga soluvchilar ham aynan shu toifadagi bolalardir. Biz bu kabi bolalarga bir oz nasihat qilamiz-u, so‘ng "œbu bezbetga gap ta’sir qilmaydi", deb nari ketamiz. Nazarimizda bunday bolalarning borar joyi tayin — qamoq. Biz, kattalar ayni shu nuqtada xatoga yo‘l qo‘yamiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:28:18
Bolasining beboshligidan kuygan ayrim ota-onalar hatto "œMayli qamashsin, o‘sha yoqdan odam bo‘lib chiqadi", — deydilar. Bu g‘oyat yanglish fikrdir. To‘g‘ri, qamoqda bolaning ko‘zi ochilishi mumkin. Ammo, aksi bo‘lib chiqsa-chi? Biz birinchi og‘ir guruhga mansub deb bilgan bolalar illatlarga butunlay ko‘milib ketmagan. Ularda ham yaxshi fazilatlar bor. Aynan shu fazilatlar ularni tarbiyalashda "œoltin kalit" vazifasini o‘tab beradi. Ularda (avval zikr etganimizdek) serg‘ayratlik, o‘z muddaosiga yetishdagi matonat, har sohada o‘zini birinchi qilib ko‘rsatishga intilish... fazilatidan tarbiyachi ustalik bilan foydalanishi kerak. Bu xuddi atom quvvatini qayoqqa qarab yo‘naltirishga o‘xshaydi. Atomdan bomba yasab, portlatib hamma yoqni vayron qilish yoki elektr quvvati olib atrofni charog‘on qilish mumkin. Bolaning taqdiri ham shunday.
Ikkinchi guruhga mansub bolalar avvalo xohish-istaklarining beqarorligi bilan ajralib turishadi. Ularda bir narsaga qat’iy intilish yo‘q. Bunday bolalar birinchi guruhga mansub tengdoshlariga ergashmoqlikni ma’qul ko‘rishadi. Ammo, ular kabi jamiyatdagi ahloqiy talablarga ochiq qarshi chiqa olishmaydi. Ular o‘zlariga nisbatan ojizroq bolalarga hukm o‘tkazish yo‘li bilan ma’lum mavqeni egallashni ma’qul ko‘rishadi.
Bir mahallada besh-olti bola o‘ynayotgan edi. Shu ko‘chada turuvchi bola uydan chiqdi-yu, o‘yinga qo‘shilmadi. Uni boshqalar chorlashmadi. Bir ozdan so‘ng bolalar o‘yinni bas qilib tarqalishdi. Qo‘shilmagan bolaning o‘zi yolg‘iz qoldi. U avvaliga bir o‘zi o‘ynay boshladi. Keyin boshqa bolalar ko‘rinishib, o‘yinga qo‘shildilar. Bunga o‘xshash holni ko‘p uchratamiz, ammo, ahamiyat bermaymiz. Bola avvalgi o‘yinga nima uchun qo‘shilmadi? O‘yindagi bolalar undan zo‘rroqmidi? U oddiy o‘yinchi emas, yetakchi bo‘lish istagida edimi? Keyingi o‘yinda u niyatiga yetdi — davraboshi bo‘ldi. Ahamiyat bering: u maqsadga erishishga shoshilmadi, sabr qildi, kutdi. Dastlabki davrada o‘ynayotgan bolalar uni nima uchun o‘yinga qo‘shishmadi? Undagi davraboshilik da’vosini bilisharmidi yo boshqa illatlari tufayli yoqtirishmasmidi? Agar bola birinchi guruhga mansub bo‘lganida chetda turib fursat poylamas edi. Dangal o‘yinga qo‘shilardi yoki o‘yinga qo‘shishlarini talab qilardi. Kerak bo‘lsa, davraning zo‘ri bilan mushtlashardi. Biz nazar tashlayotgan ikkinchi guruh esa, boshqacha ekaniga o‘zingiz guvoh bo‘ldingiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:28:44
Bunday bolalardagi beqarorlik kattalarning e’tiboridan chetda turmasligi kerak. Ularni foydali ishlarga jalb qilishda bu ayniqsa muhim. Ular bitta ishni muqim davom ettirolmaydilar. Kattalar tomonidan majburlash ularda o‘ziga xos isyonni uyg‘otadi. Bir ishni uzoq davom ettirishlari uchun ulardagi yetakchilikka bo‘lgan yashirin havasdan foydalanish kerak. Buning uchun ularni ishboshilikka tayin etish ham ma’qul.
Uchinchi guruhga mansub bolalarning istak - xohishlari, dunyoga qarashlari, munosabatlari, qiziqishlarida bir xillik mavjud emas. Qo‘polroq aytilganda, nima istashlarini o‘zlari ham tayin bilmaydilar. Shu sababli mavjudlik bilan havasdagi tez-tez o‘zgarishlik orasida to‘qnashuv hosil bo‘ladi. Bola ongidagi o‘sha ichki to‘qnashuv ta’sirida yuradi. Bu guruhdagi bolalar avvalgilardan farqli ravishda qilayotgan ishlarining jamiyat uchun nomaqbul ekanini anglab turadilar. Ammo, bu anglash fazilati ularda hali aqida darajasiga yetmagan. Ya’ni, "œbu ish jamiyatga zidmi, demak, qilmaslik shart", degan tushuncha ularning ongiga egalik qilish qudratiga ega emas. Shu ishdan lazzat olish hissi, undagi xudbinlik illati ustun kelib, axloq talablarini chetlashga undayveradi.
Bu toifa bolalarni jamoa bilan bir ish bajarishga jalb etish, ularning tasavvuridagi qiziqarli yumushlarni amalga oshirishga harakat qilish yaxshi natija berishi tabiiy.
To‘rtinchi guruhdagi bolalarda beqarorlik nisbatan zaifroq bo‘ladi. Ularning qiziqishlari hadeb turlanavermaydi. Bunday bolalarda irodasizlik, tez ta’sirchanlik, hatto yengiltaklik ustunroq turadi. Ular o‘zlarining kuchlariga ishonmaydilar. Irodasi baquvvat o‘rtoqlari oldida o‘zlarini g‘oyat ojiz his qiladilar. Bunday bolalarni biron hunarga yoki ishga jalb qilganda yaxshi gap bilan rag‘batlantirib turish juda muhim. Bajargan vazifasi tahsinga loyiq bo‘lmasa-da, unga ofarin aytib qo‘yish kerak bo‘ladi. Buning aksicha: "œE, galvars shuni ham eplay olmadingmi!" — deb kamsitish undagi barcha qiziqish va intilishlarni o‘ldiradi. Oldingi guruhdagilarga shunday deyilsa, ular: "œMen qanaqa galvarsligimni senga ko‘rsatib qo‘yaman", — deb ishga qaytadan kirishishi mumkin. Bu toifadagilar esa, butunlay soviydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:28:58
Beshinchi guruhdagilarni bo‘ysunmaslik ko‘chasiga adashib kirib qolganlar, desak bo‘lar. Ularda erksizlikka moyillik, har qanday oqimga qo‘shilib ketaverish odati kuzatiladi. Ularning qiziqishini inobatga olish muhim. O‘zgaruvchan emas, doimiy ish bilan band etish ularning tarbiyasidagi zarur omil hisoblanadi.
Bolalar va o‘smirlarning tabiatiga, fe’liga xos ko‘rinishlarni o‘rgana turib, o‘zimizcha ularni guruhlarga bo‘lib, mana bu guruhning yo‘li albatta jinoyatga olib boradi, bunisi gumon... degan aniq to‘xtamga kelmoqchi emasmiz. Tan olish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, har bir bolaning kutilmagan bir damda jinoyat ko‘chasiga burilib ketishi ehtimoli borligini unutmasak bas.
"œBola nima sababdan jinoyat ko‘chasiga kiradi?" degan savolga besh javob yozib kichik tadqiqot o‘tkazdik. Bu safar bir necha mahallada emas, bitta mahallada turli vaqtda va turli odamlarga murojaat qildik. Bir mahalladagi odamlarning bu masaladagi fikrlari yaqin bo‘lar, deb o‘ylagan edik. Aksi bo‘lib chiqdi. Shu bois javoblarning foizini ko‘rsatmaymiz-da, siz azizlarga murojaat etamiz: javoblarni diqqat bilan o‘ylang. Do‘stlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz, qarindoshlaringiz bilan fikrlashsangiz yanada yaxshi. "œMening xonadonimda bunday muammo yo‘q, hammasi odobli", deb o‘zingizni chetga olmang. Xonadoningizning baodob ekani a’lo! Biroq, atrofga biron kasallik tarqalsa, xonadoningizda bu kasal bilan hech kim og‘rimasa-da, xastalikni yuqtirmaslik chorasini ko‘rasiz-ku?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:30:17
"œBola nima sababdan jinoyat ko‘chasiga kiradi?" degan savolning javoblariga e’tiboringizni tortamiz:

1.Bolaning o‘ziga nisbatan qilingan adolatsizlikdan.
2.Ko‘cha zo‘rlarining hayotiga mahliyo bo‘lib.
3.Ko‘cha zo‘rlaridan qo‘rqib.
4.Bironta o‘rtog‘iga ergashib.
5.Atrofidagi hamma narsadan bezib.
6...
7...


Biz keltirgan javoblar sizni qoniqtirmasligi ham mumkin. Shu sababli sizning shaxsiy mulohazangizga bo‘sh o‘rin qoldirdik.

BO‘SH VAQT

 Halokat jari

"œKo‘cha" tarbiyasi

 Kim fikrlashdan to‘xtaydi?

 Diskoteka "œvabo"si

Biz bo‘ysunmaslarni tarbiyalashda asosan nasihat yo‘lini tanlaymiz. Holbuki bo‘ysunmas, qaysar, intizomsiz bolalarni quruq nasihat bilan tarbiya qilib bo‘lmaydi. Uyda nasihat, ko‘chada nasihat, maktabda nasihat, radio-televidenieda nasihat — bularning barchasi bolaning g‘ashini keltira boshlaydi. Nasihat boshlanishi bilan peshonasini tirishtiradi, indamay eshitishga majburligi uchun tinglaydi. Xayoli esa, butunlay boshqa tomonda bo‘ladi. Ba’zi bolalar nasihatdan bezganlarini ochiq oshkor qilishdan ham toymaydilar. Nasihatning tarbiyadagi o‘rnini butunlay rad etmaymiz, lekin, uning ta’siri ozligini ham tan olishimiz kerak. "œXo‘sh, unda qanday yo‘l bilan tarbiya qilishimiz kerak? Jinoyat tomon ketayotgan bolani nima to‘xtatadi?" — degan savol tug‘ilishi tabiiy. Savolga javob topishga urinib ko‘ramiz. Avvalo ta’kid etamizki, har bir bola — bir olam. Har biriga alohida yo‘l topmoq kerak. Yomon yo‘lga yurmaslik, yaxshi o‘qishga da’vat bir xilda bo‘lmaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:30:33
Barcha mamlakatlar uchun bolaning bo‘sh vaqti masalasi muhim muammolardan hisoblanadi. Maktabdan keyingi yarim kunda bolaning nima bilan shug‘ullanishi uning taqdirini belgilaydi. Shahardagi mahallalarda, qishloqlarda bola kattalarning e’tiborida bo‘ladi. Bu bola kimning farzandi ekanini kattalar bilishadi va undagi nojo‘ya harakatni e’tiborsiz qoldirishmaydi. Ko‘p qavatli uylarda esa, buning aksi. Qo‘shnilar bir-birlarini tanishmaydi. Nojo‘ya ish qilayotgan bolani tartibga chaqirishmaydi. Shundanmi, qamoqdagi bolalar yashash joylariga ajratilib o‘rganilganda mahalla va qishloqqa nisbatan ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiladiganlari ko‘proq ekani aniqlandi.
Bo‘sh vaqt masalasini hamma o‘zicha hal etadi. Ko‘pchilik tarbiyaning bu sohasida asosiy e’tiborni mehnatga qaratish tarafdori. Biz ham bu yo‘lni to‘la ma’qullaganimiz holda, bolalarimizni mehnatga qanday qiziqtirishimiz kerak, degan savolga diqqatingizni tortamiz. To‘g‘ri, mehnat barcha zamonlarda va barcha jamiyatlarda buyuk huquq va buyuk zarurat hisoblangan. To‘g‘ri, madaniyat yuksakligi mehnatga bo‘lgan muhabbatga bog‘lanadi. O‘zgacharoq ta’bir bilan aytsak, madaniyat qanchalik yuksak bo‘lsa, mehnat shunchalar yuksak qadrlanadi. Chunki, mehnat hamisha inson hayoti va madaniyatining asosini tashkil etgan. Donishmand aytmoqchi, agar hayot kemasi mehnat langariga suyanmasa, hamma shamollaru dovullarga dosh berolmaydi. Bu ta’riflarni bilamiz. Ammo, bu haqiqatlarni bolalar ongiga qanday singdira olamiz? Shiorlar bilanmi yo aniq harakatlar bilan? Bir kishi bolalariga nasihat qilib der ekanki: "œodam maymundan paydo bo‘lgan, agar mehnat qilmasalaring yana maymunga aylanib qolasanlar". Bu nasihatda chuqur ramziy ma’no bor. Bunda odamning jismonan emas, ma’nan maymunga aylanib qolishi nazarda tutilyapti. Diqqat qilaylik, dunyoda tirik jon borki, hammasi harakatda, hammasi mehnat bilan band. Lekin, inson bilan boshqa tirik jonlar mehnati orasida "œONG", "œVIJDON", "œHALOLLIK", degan tushunchalar bor. Qo‘polroq ta’bir bilan aytsak, o‘g‘ri ham, g‘ar ham o‘zicha mehnat qiladi. Shunday ekan, biz insonga xos tushunchalar asosidagi mehnatni, faqat o‘ziga emas, jamiyatga ham naf keltiradigan mehnatni nazarda tutishimiz kerak. Risolamiz avvalida bayon qilganimiz, qamalgan bolasi hajrida kuygan ota "œfarzandim mehnat qilyapti, sanqib yurmayapti", deb fikr qilgan. Biroq, halollikni chetlab, oson yo‘l bilan pul topish insonga xos emasligini o‘ylab ko‘rmagan. Tijorat — o‘ziga xos mehnat, uning ham mashaqqatlari bor, buni inkor etmaymiz. Hamma ham tijoratchi bo‘lolmaydi, bu sohaga ham qobiliyat kerak, buni ham bilmoq joiz. Tijoratda nima halolu nima harom — buni din aniq belgilab bergan. Bu belgilash jamiyat talablariga ham mosdir. Demak, tarbiyada mehnatning halol bo‘lmog‘iga e’tiborni qaratish kerak bo‘ladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:30:51
Halol mehnatga muhabbati bo‘lmagan odam to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotib qo‘yadi. Oqibatda barchasi halokat jariga boruvchi turli so‘qmoqlarga duch keladi: bir yo‘l hayotda hamisha norozilik hissiga to‘la bo‘ladi va o‘smir shu his bilan yashaydi. Bir yo‘l zerikish, qoniqmaslik botqog‘i, yana biri o‘z-o‘zini asta-sekinlik bilan mahv etishdan iborat bo‘ladi. Bu yo‘llardagi o‘smirning ongi, nafsi molnikidan farqlanmay qoladi. Agar "œHalol va ongli mehnat — hayot asosi", degan shiordan kelib chiqsak, boshqa yo‘llarni tanlagan o‘smir tiriklayin o‘lib boraveradi.
Halol mehnatning afzalligini farzand ongiga singdirishda atrof-muhitning salbiy ta’sirini hisobga olmasak bo‘lmas. Jamiyat boy-kambag‘al degan toifalarga bo‘lingan pallada bolaning dunyoni anglashi ancha murakkab tarzda kechadi. Bolaning oilasi halol mehnat bilan kun ko‘radi. Ota-onasi hamisha ish bilan band. Shubhasizki, farzandining huzurida ba’zi-ba’zida bo‘lsa-da, nolib qo‘yishadi. Ularning qo‘shnisi esa, badavlat. Hamisha ish bilan emas, maishat bilan band. Bola bu farqni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turibdi. Unda "œyaxshi yashash uchun halol mehnat qilish shart emas", degan tushuncha
shakllana boraveradi. Halol mehnat bilan kun ko‘ruvchi ota-onasi uning kundan kun ortib borayotgan talablarini qondira olmaydi. Halollikdan narida yuruvchi ota-ona esa, farzandini oshirib-toshirib ta’minlab qo‘ygan. Ana endi boladan so‘rang-chi, qay biri afzal ekan. Bu o‘rinda badavlat oilaning farzandi ongidagi tushunchani ham nazardan soqit qilmaslik kerak. U ham halol mehnat haqida ko‘p eshitadi. Qo‘shnisi misolida bu halol mehnat tufayli qanday yashash mumkinligini ko‘radi. Shu o‘rinda amaldagi ko‘rinish bilan nazariya to‘qnashadi va amaldagi ko‘rinish bolalar ongiga hukmronlik qilib oladi. Vijdon, halollik — oliy darajadagi fazilat ekani haqidagi gaplarni ular hazm qila olmaydilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:32:05
Shayx Sa’diyning:

"œYesam arpa nonini mehnat bilan,
Shirindir birovlarning oq nonidan" —

baytlarini bu toifa bolalarga singdirish oson kechmaydi. Xayolan bir tajriba qilib ko‘raylik: o‘smirlarning ro‘parasiga ikkita non qo‘yaylik-da, bittasiga og‘irroq mehnat bilan yetishasiz, ikkinchisi uchun mehnat shart emas, deng-chi, qanchasi mehnat evaziga olinuvchi nonni tanlar ekan?
Mehnat tarbiyasini bolaning suyagi qotgach boshlash kerak, deguvchilar yanglishadilar. Bola emaklaganda yoki xontaxtani ushlab yura boshlaganida bilibmi-bilmaymi bu tarbiyani boshlab yuboramiz. "œPiyolani olib ber", "œQoshiqni uzatib yubor", deyishimiz mehnat tarbiyasining debochasidir. Shu o‘rinda go‘dakning harakatini kuzataylik: u hali "œmehnat — ichki ehtiyoj samarasi", degan tushunchadan yiroq. Lekin, siz aytgan piyolani uzatib yuborgach, uni maqtab, erkalab qo‘ysangiz, u shodlanadi va ikkinchi, uchinchi piyolani ham uzata boshlaydi. Demak, mehnat uchun rag‘batlantirish lozim ekan. O‘sha go‘dak siz aytishingiz bilan piyolani uzatmadi, shunda siz uni mehnatga o‘rgatish uchun zo‘rlay boshlaysiz. Piyolani majburlab ushlatasiz, uzatishga ham zo‘rlaysiz. Yo‘q, azizlar, buni mehnat tarbiyasi doirasiga kiritishimiz qiyin. Mehnatga zo‘rlash bolada mehnatga nisbatan nafrat uyg‘otishi mumkin.
Mehnat tarbiyasi shaharga nisbatan qishloqda osonroq hal etiladi, deb o‘ylaymiz. Aynan qishloqda mehnatga majburlash usuli kuchliroq. Bola istasa-istamasa otasi yoki onasi qanotida mehnat qilishga majbur bo‘ladi. Ayrim bolalarda mehnat majburiyati mavjud, mehnatga sevgi esa, zaif bo‘ladi. Shundaylar shahar sharoiti bilan tanishgach, qishloqqa qaytishni istamay qoladi. Rossiyadagi qishloqlarning bo‘shab qolishini aynan shu bilan izohlash mumkin. To‘g‘ri, bizda u darajada emas, ammo, shunday hollar mavjudligini inkor etmasligimiz ham kerak.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:32:24
Shaharda, ayniqsa ko‘p qavatli uylarda yashovchilarni mehnatga jalb etish ancha qiyin. Bu uylarda yashovchi bolalarning asosiy ishi: kunda bir marta non do‘koniga chiqib kelish, haftada bir marta axlatni olib chiqib to‘kish. Bu ish ham zo‘r mashaqqat bilan bajariladi. Katta aka o‘rtanchaga buyuradi, o‘rtancha esa, kichigiga. Unisi "œHadeb men qilaveramanmi..." — deb noliydi, oqibatda g‘avg‘odan bezgan ota yoki ona bu ishni o‘zi bajarib qo‘ya qoladi. Bu uylarda yashovchi bolalarni atrofni tozalash uchun hasharga jalb etish qiyin. Ota-onasi zo‘rlab chiqarsa ham qo‘l uchida ishlaydi. Hovlini tozalashni o‘zlari uchun past ish deb biladilar. Shuning uchun ham ko‘pgina uylarning atrofi axlatxonani eslatadi. Ko‘chani supurib qo‘yishning ulug‘ savob ekanini vaqtida farzandi ongiga singdirmagan ota-ona endi bolasining ishyoqmasligidan nolimasa ham bo‘ladi. Agar bola 16—18 yoshigacha halol mehnatga o‘rgatilmas ekan, demak, unda "œintizom" degan fazilat shakllanmaydi. Bu farzand irodasiz, tanbal, havoyi bo‘lib qoladi. Hayotga qiziqishi ham zaif bo‘ladi. Aynan shu toifa bolalar nashavand va giyohvandlar changaliga oson tushadilar.
Ayrim ota-onalar farzandlarini bironta hunar egasiga shogirdlikka beradilar. To‘g‘ri, jamiyatda bolalarni og‘ir mehnatga jalb etish mumkin emas. Korxonalar bu talabga amal qilishni ba’zan me’yoridan oshirib yuborishadi. O‘smir bajaradigan yumush mavjudligiga qaramay, ularni yaqinlashtirishmaydi. Hunarmand ustalar esa, aksincha. Suvoqchimi, kulolmi, duradgormi... bolalarni yonlariga oladilar. Bolalikdan ustaning yonida yurganlarning ham ko‘zi pishadi, ham qo‘li o‘rganadi. Oqibatda ular mohir usta bo‘lib yetishadilar. Eng muhimi — bekorchilikdan sang‘imaydilar. Mehnatsevarlikning xayrli ekani haqida yuzta nasihatdan ko‘ra shu usul durust emasmikin? To‘g‘ri, ustalarning ham har xili mavjud. Hammasi ham begona bolaga hunarini ochiq ko‘ngil va qunt bilan o‘rgatavermaydi. Ustaning qanotiga kirgan o‘smirlarning barchalari ham to‘g‘ri va halol yo‘lga kiravermaydilar. Yuqorida zikr etilgan aldov yoki ayyorlik bilan hunardan bo‘yin tovlashga intiladilar. Bu o‘rinda yana ota-ona va ustaning birgalikdagi to‘g‘ri munosabati muhim. Afsuski, ustalar ko‘p emas, bekorchi bolalarning barchasini qanotlariga ololmaydilar. Bu o‘rinda davlat bolalarning bo‘sh vaqti xususida aniq tadbirlarni belgilab berishi kerak. Korxonalarda o‘smirlar uchun maxsus ish joylarini tayin etish shu tadbirlardan biri bo‘lsa nur — alannurdir. Xalq ta’limi tizimida (ilgari "œpionerlar uyi" deyilardi) "œQo‘shimcha ta’lim" markazlari mavjud. Bu markazlarda turli hunarlar o‘rgatadilar. San’atga jalb etadilar. Naqsh, ganchkorlik, o‘ymakorlik, duradgorlik, chevarlik, to‘quvchilik kabi to‘garaklarda bolalar deyarli to‘la bo‘ladi. San’at turlariga qiziqish ham kuchli. Lekin, bu markazlarga asosan yaqin atrofdagi maktab o‘quvchilari qatnaydilar. Uzoqroqdagi maktablarning o‘quvchilarini ota-onalari yubormaydilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:33:20
Borib-kelishidan xavotirlanadilar. Undan tashqari, mazkur to‘garaklarga asosan o‘n uch—o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar qatnaydilar. O‘smir yoshidagilar uchun esa, shug‘ullanadigan yumush yana yo‘q. Avvallari bolalar uchun futbol bo‘yicha "œCharm to‘p", "œZarnitsa" ("œYashin shu’lasi") kabi harbiy o‘yinlar o‘tkazilardi. "œQuvnoq startlar", "œSvetofor" kabi o‘yinlar hozir ham mavjud. Lekin, bu o‘yinlarda ham o‘smirlar ishtirok etishmaydi. Demak, o‘smirlarning bo‘sh vaqtlari to‘laligicha o‘zlari hukmiga topshirilgan, deb o‘ylasak ham bo‘lar. Bo‘ysunmaslar tarbiyasining eng nozik, ayni damda xatarli nuqtasi ham shu yerda. Bo‘sh vaqtiga o‘zi xo‘jayinlik qiluvchi bolalar ko‘p hollarda ko‘cha yoki mahalla zo‘ravonlari ta’siriga tushadilar va buning oqibati nima bo‘lishi barchaga ma’lum.
Ana endi yana bir narsaga diqqat qilaylik. Biz bo‘ysunmas deb atayotgan bolalar oilada, sinfda faqat tanqid eshitadilar. Sinfda ularning himoyachilari yo‘q hisobi. Ular do‘stlashmoqchi bo‘lgan bolalar kattalar tomonidan o‘rgatilgan «Yomonga yaqin yurma!» shioriga amal qilib o‘zlarini nari oladilar. Ko‘chada esa aksincha, ahil do‘stlik mavjudday ko‘rinadi. Bo‘ysunmas yigitcha yoki qizchaga bu ulug‘ bir ne’mat bo‘lib ko‘rinadi-yu, ko‘cha jamoasiga bog‘lanadi.
«Ko‘cha tarbiyasi» deyilganda ko‘z oldimizga faqat bezori, jinoyatchi bolalarni keltiramiz. Kechki payt ko‘chada to‘planib turgan bolalarni ko‘rsak, xayolimizga faqat yo‘lto‘sarlar keladi. Holbuki, ko‘cha ta’sirida barcha jinoyatchiga aylanib qolmaydi. Ayni choqda to‘garakka qatnovchi bolalarning hammasi ham yaxshi bo‘lib qolmaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:33:42
Bu ham haqiqat. Hozir el og‘zida «stolba qorovullari», degan ibora paydo bo‘lgan. Ko‘p yerlarda kech tushishi bilan simyog‘och yaqiniga o‘smirlar to‘planishni odat qilishgan. Ular shunchaki gaplashib o‘tiradilar. Uyda ota-onasi yoki aka-opasi bilan suhbatlashishning ularga qizig‘i yo‘q. Boshqa shug‘ullanadigan ishlari ham yo‘q. O‘rtoqlari bilan gaplashib o‘tiradigan joy ham yo‘q. Ayrim ota-onalar bolalarni uyga taklif etadilar. Lekin ular taklifni qabul qilmaydilar. Chunki ota-onalar huzurida ular istagan mavzularida suhbatlasha olmaydilar. Yoki kattalardan istihola qiladilar. Ayrim yerlarda «o‘smirlar klublari» tashkil etishga harakat ham bo‘lgan. Lekin o‘smirlar bu klublarga ham borishmaydi. Chunki klublarda o‘zlari istagan mavzuda emas, tarbiyachilar tavsiya etgan mavzuda gaplashishni yoqtirmaydilar. Demak, bu o‘rinda «O‘smirlar klublari tashkil qilish kerakmi? Bu klublar tashkil qilingan taqdirda qanday yo‘nalishda ish olib borishi kerak? Ular o‘smirlarni,ayniqsa bo‘ysunmaslarni jalb qila oladilarmi?» degan savollarga javob topish kerak bo‘ladi.
«Stolba qorovullari» suhbatlashadigan aniq mavzu yo‘q. Kallaga nima gap kelsa o‘sha tomon og‘averadilar. Shu bois ularning suhbatini ma’nosiz, deyishga haqlimiz. «Bolalar shunchaki gaplashib o‘tirishibdi, ularning orasida bezorilar yo‘q», deb hotirjam bo‘lishga esa haqqimiz yo‘q. Ularning orasida bugun bezori yo‘qdir, biroq ertaga qo‘shilib qolar. Qo‘shilib qolganini, nashaga o‘rgatishni boshlaganini vaqtida payqaymizmi?
«Beozor» «stolba qorovullari» nasha chekib o‘tirishganda, bir odam ularni tartibga chaqiradi. «Otang baobro‘ odam, bu ishing chakki», deydi. Unga javoban «beozor» «Miyani achitmang, bratan, biz bilan bitta torting», deb taklif qiladi. Natijada janjal chiqadi va tartibga chaqirgan odam o‘ldiriladi. Qarang, bolalar bu yerga bekorchilik oqibatida to‘planishgan, birovga yomonlik qilish fikrlari bo‘lmagan. Huquq tili bilan aytilganda bu «qasddan odam o‘ldirish»ga kirmaydi. Kechki payt to‘plangan bolalarning beozor suhbatlari jar yoqasida turishni eslatadi. Jarga qulash uchun salgina turtki kifoya.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:34:13
Keyingi yillarda bolalarning bo‘sh vaqtlari ko‘proq televidenie va video tamoshalari bilan band bo‘lyapti. Hatto hazil aralash «telebola» degan atama ham paydo bo‘ldi. Bu «telebola»lar atroflaridagi barcha go‘zalliklarni rad eta boshlaydilar. Frantsiyada qiziqarli tadqiqot o‘tkazishibdi. Uch mingta bolaga «televizor yaxshimi yo otangmi?» degan savolni berib, qariyb ikki mingtasidan «Televizor yaxshi», degan javobni olishibdi. Buni bir necha davralarda aytib, eshitganlar yuzida tashvish ko‘rmadik. Deyarli barcha latifa eshitganday kulimsirab qo‘ydi. Aslida bunday xabar barchani o‘ylantirib qo‘yishi kerak. Frantsiyada bu tadqiqotni shunchaki bekorchilikdan o‘tkazishmagandir. Tarbiyaga doir ishlarida nimalarga e’tibor qaratish lozimligini aniqlash uchun qilishgandir. Shunga yarasha choralar ko‘rishar. Xo‘sh, bu holatning bizga aloqasi yo‘qmi? To‘g‘ri, bizda ikki mingta bola «otamdan televizor yaxshiroq», deb javob bermas. Agar uch mingta boladan uchtasi shunday javob qaytarsa ham tashvishlanishimiz zarur emasmikin? Bugun uchta bola shunday deb tursa, erta-indin ularning soni oshmasmikin? Oradan ko‘p vaqt o‘tmay o‘sha Frantsiyadagi natija bizda ham qayd etilmasmikin? Bu muammo xususida qachon bosh qotiramiz? Uch mingta bolaning hammasi bir ovozdan otadan ko‘ra televizor afzalligini ta’kid etgandami?
Ana endi shu bolalarimizga chetdan razm solaylik: kitob o‘qish ular uchun azob, teatrda yuraklari siqiladi, muzeylarda rohatlanmaydilar. Musiqaning faqat yengil turlarini tinglashlari mumkin. Yozuvchilar bu «telebola»larni badiiy adabiyotga qaytarish kerak, deydilar, yana birovlar teatrga, boshqalari muzeyga, deydilar, ammo qanday qaytarishni aniq bilmaydilar. Agar bizda o‘smirlar uchun badiiy adabiyot deyarli yo‘qligi, bolalar yozuvchilarining ham g‘oyat kamligi inobatga olinsa, bu fikrning amalga oshuvi mushkul ekani oydin bo‘ladi. Kishini o‘ylatadigan yana bir masala: kino tasmalariga ko‘chgan badiiy asarlar o‘z mag‘zini saqlab qololmaydi. Kinorejisserlar asarni o‘zicha talqin qilib, o‘zicha namoyish etadi. Asardagi fikr, qahramonlarning ruhiy holati ular uchun muhim emas, muhimi - kinotamoshabinni zeriktirmaslik. Shuning uchun ham ayrim badiiy asarlarni kinotalqinini ko‘rib tanimay qolamiz. Masalan, «Qutlug‘ qon» asarida Gulnor zaxarlanib o‘ladi. Kinoda esa Yo‘lchining singlisi Unsin. «O‘tgan kunlar»da ham, boshqa filmlarda ham shunga o‘xshash o‘zgarishlarni ko‘rib, ajablanamiz. «O‘tgan kunlar»ni o‘qib yig‘lagan odamlarning taassurotlarini ko‘p eshitganmiz. Ammo kinosini ko‘rib ko‘zlari yoshlangan odamni uchratmadik...
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:34:32
Yevropa mamlakatlarida bolalar va o‘smirlar adabiyotiga juda jiddiy ahamiyat beradilar. Bizning bolalarimiz o‘qiydigan kitoblarning ham asosan tarjima asarlar ekani sir emas. Bolalarning sevimli qahramonlari ham Yevropa adabiyotining farzandlari. Yaxshi badiiy asar millat tanlamaydi, chegara bilmaydi. Biroq, xalqning o‘z adabiy qahramonlari bo‘lsa yana yaxshi. Bu sohadagi tarbiyamizda bitta kamchiligimiz bor. Avvalo ko‘p xonadonlarda oilaning kattalari kitob o‘qimaydilar. O‘zlari o‘qimay turib farzandlarini kitobga jalb qila olarmikinlar? O‘sha ota-onalar o‘ylab ko‘rsinlar, farzandlari bo‘sh vaqtlarini ko‘cha bezorilari yoki behayo kinolar qurshovida o‘tkazganlari ma’qulmi yo fikr tarbiyasini beruvchi kitob bilan do‘stlashganlari afzalmi? Donolardan biri «Kitob o‘qimagan kishi fikrlashdan to‘xtaydi», degan ekan. Kimdir bunga qarshi chiqib aytarki: «Men umrimda kitob o‘qimaganman, lekin fikrlayman-ku?» To‘g‘ri, o‘qigan ham, o‘qimagan ham fikrlaydi. Biroq qay tarzda fikrlaydi? Fikrining ma’nosi bormi? Bu fikri bilan o‘zgalar orasida e’tibor qozona oladimi? Durust, ota yoki ona o‘qishning afzalligini tushunib yetdilar. Farzandlarini o‘qishga da’vat eta boshladilar. Lekin bola yoshi ulg‘aygach, bu da’vatga darrov bo‘ysuna qolmaydi. Hatto qiziqarli kitobni ham chetga surib qo‘yadi. Ba’zi ota-onalar mana shundan zorlanishadi. «Falon so‘mlik kitob olib keldim, o‘g‘lim bir bet ham o‘qimadi»,- deydi. «O‘sha kitobni o‘zingiz o‘qidingizmi?»- deb so‘raymiz. «Be, o‘qishga vaqt bormi?»- degan javobni eshitamiz. Choyxonada kunda, kun ora oshxo‘rlik qilishga, maishatga vaqt topiladi. Beshik to‘ylarida soatlab valaqlab o‘tirishga fursat bor, ammo farzandning tarbiyasiga vaqtimiz yo‘q. Shaxsiy namuna degan tushunchadan uzoqmiz. Bizning nazarimizda «Mana, senga kitob olib keldim, o‘qi»,- deyish - tarbiya. Shu bilan biz burchimizni bajardik. Bolamizning kitob o‘qimasligi esa... Xudodan. Uni Xudo shunday yaratgan...
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:34:56
Bir kishi farzandini donishmand huzuriga olib kelib: «Taqsir, nasihat qilib qo‘ying, o‘g‘lim juda ko‘p xurmo yeydi. Bir o‘tirishda ellik xurmoni ko‘rdim demaydi. Ko‘p yemoqlik zarar ekanini tushuntiring»,- deb iltimos qilibdi. Donishmand: «Bir oydan keyin kelinglar»,- debdi. U odam yana bir oydan keyin ro‘para bo‘lganida donishmand: «Ey o‘g‘il, ko‘p xurmo yemoqlik zararlidir»,- debdi. Bu qisqa nasihatni eshitgan kishi: «Shu gapni bir oy oldin aytsangiz bo‘lmasmidi?»- deb ajablanibdi. Shunda donishmand: «Bir oy avval bunday deyishga haqqim yo‘q edi. Chunki men ham xurmoni yaxshi ko‘rib ko‘p yerdim. Bir oy davomida nafsimni tiyib, ozga keltirdim va nasihat qilmoq huquqiga yetdim»,- degan ekan.
Aytmoqchimizki, tarbiyaning barcha ko‘rinishlarida, xususan kitob o‘qishga da’vatda shaxsiy namunaning foydasi ko‘p. Tarbiyaning barcha turlari kabi kitob o‘qishga o‘rgatish ham bolalikdan boshlanadi. Yevropa mamlakatlaridagi nashriyotlarda «Oyijon, o‘qib bering», turkumida kitoblar ko‘p chiqariladi. Nomidan ko‘rinib turibdiki, bu kitoblar maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarga atalgan. Bu yoshdagi bolalarda «kitobni ko‘rsam boshim og‘riydi», degan gaplar bo‘lmaydi. Barchasi qiziqish bilan kitobni varaqlaydi. Ba’zilari rasmlardan zavq oladi unda nima aks etganini bilishni istaydi. Ba’zilari kitobni yirtib zavq oladi. Ota yoki onaning kitobni o‘qib berishi yoki rasmlar mazmunini tushuntirishi bolasining kelajagi uchun juda-juda zarurdir. Bola uchun ajratilgan besh-o‘n daqiqa vaqt kelajakda oylab-yillab davom etadigan qayg‘u-alamlar oldini olishini anglab yetgan ota-ona naqadar baxtli!
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:35:14
Yuqorida zikr etganimiz ota yoki ona bolasiga atab kitob olgani uchun ham ularga ofarinlar aytmoq joiz. Chunki bolasiga kitob olmaydiganlarning soni-sanog‘i yo‘q. Bozorga borib bolasiga qurtmi, saqichmi yoki biron qimmatbaho o‘yinchoqmi olishni unutmaydi. Lekin kitob rastasi yonidan o‘tayotganida «bolamga mos kitob bormikin?» deb qayrilib ham qaramaydi. Hozir bu da’voni aytsangiz «Kitob qimmat», deb bahona qilishadi. Avvalo kitob juda arzon bo‘lganda ham ahvol shunday edi. Qolaversa, o‘zini «ota», deb, farzandi tarbiyasiga mas’ul deb hisoblovchi kimsaning bir kunda chekadigan sigareti puliga yoki maishatiga sarf qiladigan mablag‘iga qancha kitob sotib olsa bo‘larkin. Biz «Bolajonmiz!» deb kerilamiz-u, bolajonligimizni farzandlarimizni yaxshi ko‘rish bilangina cheklaymiz. Ehtimol bu gaplarimiz ba’zilar uchun malol kelar. «Oshirib yubordingiz», deb malomat qilarlar. Unda mana bu dalillarga diqqat qiling: maktab o‘quvchilarining soni taxminan besh million atrofida bo‘lsa kerak. Shu o‘quvchilarga mo‘l chiqariladigan jurnalning nushasi yigirma mingdan oshmaydi. Nashr etilgan yaxshi kitoblar ham chang bosib yotadi. Gap kitob va jurnallarning qimmatligida emas, gap ota-onaning e’tiborsizligida!
Bolalar qamoqxonasida o‘tkazilgan so‘rovlarimizdan ma’lum bo‘ldi-ki, u yerga tushganlarning qariyb to‘qson foizi bitta ham badiiy kitob o‘qimagan. Yetmish foizi teatr ostonasini bosib o‘tmagan. Yuz foizi rassomlarning ko‘rgazmasi nima ekanini bilmaydi. Bo‘sh vaqtdan to‘g‘ri foydalanish haqidagi fikrimizni quvvatlash uchun yana qanday dalil kerak?
Bir kuni bolalar qamoqxonasida adabiy uchrashuvga bordik. Bu yerga birinchi marta kirgan shoir birodarimiz bolalarning jinoyatlari haqidagi hikoyani eshitib gangib qoldi. Hayajonga berilib, «Men bu yerda she’r o‘qiy olmayman»,- dedi. Men undan Usmon Nosirning «Muhabbat» she’rini o‘qib berishni iltimos qilib, arang ko‘ndirdim. Bir xil kiyingan, sochlari bir xilda qirtishlangan, ko‘zlari bir xilda ma’nosiz boquvchi bir necha yuz bola to‘plangan joyga kirganimizda shoir birodarimiz bu nigohlarga qaray olmay ko‘zlarini yumib oldi. Shu holda she’rni o‘qidi. Bu she’rni o‘qitishdan maqsad - kichkina ijtimoiy tadqiqot o‘tkazish edi. Yig‘ilganlarning barchasi sevgi yoshidagi o‘smirlar. Ko‘pchiligi sevishga, ayol bilan bo‘lishga ulgurgan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:35:47
Sevgi tuyg‘usi begona emasdir, degan fikrni sinab ko‘rmoqchi edim. «Sevgi! Sening shirin tilingdan kim o‘pmagan, kim tishlamagan!» deb boshlanuvchi she’r har qanday yoshning dilini qitiqlashi tayin. Ammo jinoyatchi o‘smirlarga bu ta’sir etmadi. Ularning yuzlarida, qarashlarida o‘zgarish sezilmadi. Oddiy gapni eshitganday o‘tiraverishdi. She’rda «Ufqda botar quyoshni shart kesilgan boshga o‘xshatdim», degan satr bor. Shu satr o‘qilganda, ne ajabki, o‘tirganlarda jonlanish sezildi. Bundagilarning oz qismi qotilligi tufayli qamalgan, lekin boshqa jinoyatlar bilan o‘tirganlarga ham «shart kesilgan bosh» ta’sirli bo‘ldi.
Uch o‘smir kechqurun homilador ayolga duch kelib, «Xotinning tug‘ishini ko‘ramiz», deb qiynashgan. «Esi butun odam bunday qilmaydi, ular jinnidir», dersiz? Yo‘q, ularning ko‘rinishi ham binoyi, eslari ham joyida. Biz ular bilan suhbatlashganda «Nega bunday qildinglar?» deb savolga tutmadik. O‘qigan kitoblari, ko‘rgan teatr tamoshalari, kinofilmlari bilan qiziqdik. Jangari, badaxloq kinotamoshalarini ko‘rishda kamchiliklari yo‘q. Uchtadan ikkitasi bolaligida sinfdoshlari bilan yosh tamoshabinlar teatriga necha martadir borgan, lekin nimani ko‘rgani esida yo‘q. Bittasi umuman teatrga qadam bosmagan. Uchchalasi ham badiiy kitobni qo‘liga olmagan. Bittasi maktabdagi adabiyot darsida o‘qiganlarini sal-pal eslaydi. Ular bilan suhbatlasha turib o‘yladim: «Agar badiiy kitob yoki sahna san’ati orqali faqat insonga xos sevgi-muhabbatni qalblariga singdirishganda edi, jinoyat ko‘chalarida tentiramasmidilar...»
Kitob o‘qishni o‘rgatishdagi ota-onaning mas’uliyatini teatrga, yoki muzeyga, yoki rassomlar ko‘rgazmasiga... olib borishda ham ta’kidlashimiz kerak bo‘ladi. Juda oz ota-onalar farzandlari bilan bu joylarga boradilar. Teatr-muzeylarga olib borish asosan maktablarning zimmasida. Ota yoki ona «Bugun teatrga boribsan, nimani ko‘rding, nimani tushunding?»- deb besh daqiqagina suhbatlasharmikin? Agar suhbatlashsalar - sharaflar bo‘lsin bu zotlarga!
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:36:11
Kuzatuvlardan aniqki, bolalar va o‘smirlar fe’l-atvorining shakllanishida bo‘sh vaqtdan to‘g‘ri foydalanish g‘oyat muhim ekanligi tan olingani holda bu zarur masalaning yechimiga e’tiborsiz qaraladi. Boshqacharoq aytsak, bo‘sh vaqtdan foydalanishga doir mavjud tadbirlar yetarli samara bermay qo‘ygan. Buning aksi o‘laroq, ko‘chaning ta’siri kuchliroq bo‘lyapti. Aytaylik, ko‘chaning bir betida shaxmat-shashka to‘garagi tashkil etilgan. Ikkinchi betida bevosh o‘spirinlar qarta o‘ynab o‘tirishibdi. Ko‘chaning o‘rtasida esa biz tarbiyalamoqchi bo‘lgan yuzta bola turibdi. «Ixtiyor o‘zingizda, bo‘sh vaqtingizni kim bilan o‘tkazasiz?»- deb ko‘raylik-chi? Ishonamanki, shu yuz boladan ko‘pi bilan yigirma-yigirma beshtasi shaxmat-shashka tomon yuradi.
Sovet jamiyatining so‘nggi yillarida bo‘sh vaqt masalasi bo‘yicha mas’ul idoralar bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘rta yoshdagi o‘quvchilarning yetmish foizi, yuqori sinf o‘quvchilarining oltmish foizi maktabdan tashqaridagi turli to‘garaklar, klublarda shug‘ullanar ekanlar. Sovet Ittifoqidagi bolalarning yigirma to‘rt foizi sport bilan doimiy band ekan. O‘n uch foiz o‘quvchi bo‘sh vaqtlarini texnikaga doir hunarlarni egallashga sarflar ekanlar.
Bu ko‘rsatgich 2000 yilda oliy darajaga yetkazilishi mo‘ljallangandi. Ko‘ngilni hotirjam qiluvchi bu raqamlar faqat qog‘ozda edi. O‘shanda qayta tekshirishdan so‘ng «sport bilan shug‘ullanyapti», degan ma’lumotdan 12 million bolani o‘chirishga to‘g‘ri kelgan. Ro‘yxatda boru ammo asli yo‘q bo‘lgan minglab to‘garaklar aniqlangan. Yana aniqlandiki, 1980 yildagi ko‘rsatgich 1990 yilda ozgina bo‘lsa-da, yaxshilanmabdi. O‘sha davrda maktab o‘quvchilarining 5-6 foizigina to‘garaklarga qatnashar ekanlar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:36:29
Yangi jamiyatga o‘tar chog‘idagi qiyinchiliklar sabab bo‘lib, yurtimizda avvaliga bu masalada ilgarilash yetarli bo‘lmadi. Keyingi yillarda bu kamchiliklarga barham berilyapti. Ayniqsa bolalar va o‘smirlarni sportga jalb etishga berilayotgan e’tiborni sobiq ittifoq hududidagi hech bir mamlakatda uchratmaymiz. Shunga qaramasdan bo‘sh vaqtga doir masalalarda qilinadigan ishlar ko‘p. Shu masalalarni hal qilish uchun ham «Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi» tuzildi. Mazkur jamg‘arma Homiylik kengashining Oqsaroyda bo‘lgan majlisida (2003 yilning 4 iyun kuni) ta’kidlanishicha, Respublikada 6 million 528 ming nafar olti yoshdan o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan bola bor. Jamg‘arma raisi A.Mirqosimovning axboroticha, ana shu bolalarning 432 ming nafari, ya’ni 6,7 foizigina sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Xalq ta’limi vaziri R.Jo‘raevning ma’lumotiga ko‘ra esa 26 foiz bola shug‘ullanarkan. Oddiy hisobdan xabardor odam ham bu raqamning to‘qima ekanini anglab olishi qiyin emas. Chunki bir yarim milliondan oshiq bolaning muntazam sport bilan shug‘ullanishini tasavvur qilish qiyin. Bunday raqam rivojlangan mamlakatlarda ham yuqori ko‘rsatgich hisoblansa kerak. Yana respublikamizdagi mavjud sport inshootlaridan 30-40 foizigina ishlayotgani hisobga olinsa davlat rahbarining tashvishlarini anglash mumkin. Ikki rahbarning axborotidagi ikki xil manzaraga e’tibor qaratgan Respublika Prezidentining tanbehlari g‘oyat o‘rinli: «Gap raqamlarda emas. Asosiysi, bu raqamlar, ko‘rsatgichlarning bugun qilayotgan ishimizga qarab ertaga o‘sishi, o‘zgarishidir. Xo‘jako‘rsinga raqambozlik qilishdan ko‘ra, sog‘lom avlod tarbiyasi muhim ekanini unutmaylik. Bu boradagi barcha ishlarimiz mavsumiy emas, davomli, chuqur o‘ylangan bo‘lmog‘i darkor. («Ma’rifat» gazetasi, 7 iyun)
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:36:44
Tadqiqotimiz davomida bir qancha to‘garaklarning ishlari bilan qiziqdik. Ro‘yxat daftari havasni keltiradi. Agar shu ro‘yxatga ishonilsa, to‘garak bola bilan to‘la. Aslida esa ro‘yxatdagilarning yarmisi ham yo‘q. «Bolalar biron sabab bilan kelmagandir», deb o‘ylagan edik. Biroq to‘garak rahbarlari ularning oxirgi marta qachon ko‘rganlarini eslay olmadilar. Biz «bolalar ro‘yxatga atay qo‘shib yozilgan, bunday bola umuman bu yerga qadam bosmagan»,- degan da’vodan uzoqmiz. Gap shundaki, rasm to‘garagigami yo boksgami o‘sha bolalar kelishgan, biroq uch-to‘rt marta qatnashib tashlab ketishgan. Sabab?
1. To‘garak ishi uchun zarur sharoit yo‘qdir.
2. Bolaga yetarli e’tibor berilmagandir.
3. To‘garak rahbari boladagi qiziqish cho‘g‘ini alangaga aylantira olmagandir.
4.To‘garak rahbari o‘zining noto‘g‘ri muomalasi bilan bolani bezdirib qo‘ygandir.
Bu o‘rinda asosiy aybdor o‘sha to‘garak rahbari, desak, yanglishmaymiz. To‘garak rahbari yaxshi rassom yoki yaxshi bokschidir. Lekin unda bu ishda g‘oyat muhim hisoblanmish tarbiyachilik iqtidori yo‘qdir. San’atga yoki sportga mehri a’lodir, biroq, bolalarga mehri sayozdir. Boshqa ish yo‘qligidan shu to‘garakka kelgandir. Bunday odamlarni o‘z sohalaridagi yuksak mahoratlaridan qat’i nazar, bolalar bilan ishlashga jalb etmagan ma’qulroq. Vaqtida chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan, endi trenerlikni kasb etgan odam agar sabrli bo‘lmasa, bolalarga xos fe’l-atvorni bilmasa, bolalar ruhiyatini anglay olmasa, bolalardagi qaysarlik kabi illatlarga chidami yetmasa bu sohada ishlay olmaydi. Bolaga katta talab qo‘yadi. Bola bajara olmasa, baqiradi, haqorat qiladi. Oqibat esa ayon. Ba’zan esa bolani to‘garakdan rahbarlarning o‘zlari haydab yuboradilar. Bu ishlari uchun hech kimga hisobot bermaydilar. Chunki bola haydalgani bilan ro‘yxatda ishtirokchi sifatida turaveradi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:36:57
Maktab bola har qancha yomon bo‘lmasin, uni hayday olmaydi. Chunki majburiy ta’lim haqida qonun bor, bola haydalsa qonun buziladi. Bu qonun to‘garakka taaluqli emas. Haydasa bo‘laveradi. Maktab bolaning ota-onasi bilan doimiy aloqada. Bolaning axloqi masalasida otani yoki onani tez-tez yo‘qlab turadi. Maktabda «Ota-onalar qo‘mitasi», «ota-onalar majlisi» degan gaplar bor. To‘garakda esa bular yo‘q. To‘garak rahbari shogirdining oilaviy ahvolini deyarli bilmaydi. Suhbatlarimiz davrida biz shunga amin bo‘ldik. «Shuncha bola to‘garagingizga kelmay qo‘yibdi, sababi bilan qiziqmadingizmi?»- degan savolimizga esa tayinli javob ololmadik.
To‘garaklarda ishlayotganlar o‘zlarini eng avvalo tarbiyachi deb hisoblashlari shart. Ularning mohir rassom, naqqosh, bokschi yoki futbolchi ekanliklari ikkinchi darajali masala. Afsuski, bizda bunday talab qo‘yilmagan. To‘garak rahbarlaridan «To‘garagingizda nechta bola bor, nechtasi ko‘rikda (yoki musobaqada) g‘olib keldi?» degan hisobot so‘raladi. «Tarbiyaga doir nima ish qilding?» deb so‘ralmaydi. To‘garak rahbari: «Maktabda qanday o‘qiyapsan, mashg‘ulotdan chiqib to‘g‘ri uyga ketyapsanmi yoki biror ovloqdagi bolalarga qo‘shilib bevoshlik qilyapsanmi?»- deb qiziqmaydi. Ayni choqda ota yoki onalarning aksari «bolam kimdan nimani o‘rgangani qaerga boryapti, mashg‘ulotlarni kanda qilmay qatnashyaptimi yoki to‘garak bahonasida uydan chiqib sanqib yuribdimi?»- deb surishtirishmaydi. Bola maktabdagi o‘qishdan qolsa ota-onasiga darrov xabar borishini biladi va intizomga bo‘yinsunishga majbur bo‘ladi. To‘garakda intizom yo‘qligini ham biladi va bundan ustalik bilan foydalanadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:37:10
To‘garak rahbari bola qalbini kashf eta olish mahoratiga ega bo‘lishi shart. Unda maktab o‘qituvchisida bo‘lmagan imkoniyat va imtiyoz mavjud. Bola u yoki bu fanni yoqtirmasa ham shu darsda o‘tirishga majbur. Lekin to‘garakni o‘zi xohlab kelgan, demak ayni shu xohishni o‘ldirishdan ehtiyot bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Poytaxt atrofidagi to‘garaklardan ayrimlarini o‘rganganimizda to‘garak rahbarlaridan 55-60 foizigina o‘rgatayotgan mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli ekani aniqlandi. Bularning ham yarmidan ko‘pi pedagogika fanidan bebahra. (Bundan ajablanmasak ham bo‘ladi. Chunki pedagogika yo‘nalishidagi o‘quv dargohlarida ham bu fan yetarli darajada o‘tilmaydi. Umumiy o‘tiladigan darslarning besh-olti foizini tashkil etadi.) To‘garak rahbarlari orasida o‘rta ma’lumotlilar ham anchagina. Eng achinarlisi, bu to‘garak rahbarlarining yarmidan sal ko‘prog‘igina o‘z sohasida muqim ishlaydi. Bir yil, hatto yarim yil ishlab ketuvchilar ham bor. Ana endi bolalarning qiziqishini oshirib, u yoki bu hunarga jalb etish qanday ahvolda ekanini tasavvur etavering.
Bu sohadagi jiddiy kamchiliklardan biri - maktab bilan to‘garaklar orasida aloqa, bog‘liqlik yo‘q. To‘garak rahbari maktabga kelmaydi, o‘qituvchi esa to‘garak bilan qiziqmaydi. To‘g‘ri, talab qilingan ma’lumotnomalarni to‘ldirish uchun sinf rahbari o‘quvchilarning qanday to‘garaklarga qatnashishi bilan qiziqadi. «Sinfimdagi shuncha bola shuncha to‘garakka qatnashadi», deb hisobot beradi. Sentyabr oyidagi hisobot may oyiga qadar sobit turadi, o‘zgarmaydi. Undan tashqari ayrim sho‘xroq bolalarni tarbiya etish maqsadida uni to‘garaklar bilan band etishga intilishadi. Bir maktabdagi hisobot bilan qiziqib, ayrim bolalarning besh, hatto yetti to‘garakka a’zo ekanidan ajablandik. «Nahot, bu bolalar shuncha to‘garakka qiziqsalar?»- deb so‘raganimizda «Qiziqishga qiziqmaydi, majbur qilamiz. Bularga bo‘sh vaqt qoldirmaslik kerak, bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lsa buzilib ketadi»,- degan javobni eshitdik. Bolalarning o‘zlari bilan suhbatlashganimizda ularning mazkur to‘garaklarga mutlaqo qiziqmasligi, eng muhimi va eng achinarlisi - qatnashmasligi ma’lum bo‘ldi. Ular sinf rahbarining zo‘ri bilan to‘garakka yozilib qo‘yishganu mashmashadan qutilishgan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:37:50
Ota-ona ham, maktab ham, xullas, o‘smirning atrofidagi barcha undan yaxshi o‘qishni, mehnatkash bo‘lishni talab qiladi-yu, uning to‘g‘ri dam olishi bilan hamma ham qiziqavermaydi. Qiziqqanlar ham bir hildagi reja bo‘yicha ish olib borishadi. Holbuki, Toshkentdagi o‘smir bilan G‘ijduvondagi o‘smirning qiziqishi, sharoiti, imkoniyati butunlay boshqa-boshqa-ku? Undan tashqari bolaning yoshi ulg‘aygani sayin u ham jismonan, ham ma’nan shakllanib boradi. Uning bo‘sh vaqtiga mos dam olishni tashkil etish esa qiyinlashadi. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning 43,4 foizini bo‘sh vaqtdan unumli foydalanishga jalb etish mumkin ekan. 56,6 foizi esa bo‘sh vaqtidan o‘zicha foydalanishni istaydi. Yosh ulg‘aygan sayin bu raqamlar ham yomon tomonga o‘sib boradi. Ya’ni, 14-15 yoshli bolalarning 38,8 foizi, 16-17 yoshlilarning 35,2 foizini foydali dam olishga jalb etish mumkin bo‘larkan. Qizlar orasida esa ahvol bundanda yomonroq. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan qizlarning 41, 14-15 yoshlilarning 21, 16-17 yoshli qizlarning 14 foizigina kattalar taklif etgan tadbirni qabul qiladi. Biz mana shu o‘sish, shakllanish jarayonini hisobga olamizmi? So‘rovlarimizdan ayon bo‘ldi-ki, maktab o‘quvchilarining 35,5, kollej talabalarining 42, ishlovchi o‘smirlarning va ishlamaydigan, o‘qimaydiganlarning 67 foizi bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish bo‘yicha kattalar tomonidan taklif etilgan tadbirlarda ishtirok etishni istamaydilar. Ba’zi o‘smirlar uchun esa bunday tadbirlarda ishtirok etish ham etmaslik ham farqsiz. Ba’zilari ota-onasi yoki o‘qituvchining zo‘ri bilan ishtirok etishi mumkin. Misolga murojaat etaylik: sir emaski, teatrlarimizga bolalar zo‘rlab olib boriladi. O‘rta yoshdagi bolalarga chipta tarqatish uncha mashaqqat tug‘dirmaydi. O‘smirlar esa bo‘yin tovlashga urinishadi va sinf rahbarining tanbehlaridan bezib pul to‘lashadi-yu, teatr tamoshasiga esa borishmaydi. Borganlari ham to‘polon qilib atrofdagilarni bezdirishadi. Maktabda dars paytida qilolmagan qiliqlarini o‘sha yerda qilishadi. O‘ziga ishongan o‘smirlar esa pul to‘lash chog‘ida «Sazangiz o‘lmasin, deb to‘layapman, tamoshangizga bormayman»,- deb sinf rahbarini ogohlantirib qo‘yishadi. O‘qituvchiga shunisi ham tuzuk. Ko‘chaga qancha kam bola bilan chiqsa shuncha bexavotir. Teatrga ham shunisi tuzuk: qancha kam bola kelsa shuncha tinchlik bo‘ladi. Eng muhimi - chiptalar to‘la sotilgan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:38:23
Qaysi maktabda yoki mahallada yoki uyda zerikish kasali mavjud bo‘lsa, o‘sha yerda o‘g‘richalarning, yolg‘onchilarning, zulm sari og‘ayotgan shumliklarning tug‘ilishini kutmoq kerak.
Maktabdagi tadbirlarga o‘g‘il bolalarni tortish qiyin. Har turli tadbirlar asosan qizlarning ishtirokida o‘tadi. Jalb qilingan o‘g‘il bolalar yodlab berishi shart bo‘lgan she’rni ham chaynalib-chaynalib zo‘rg‘a aytadi. Yig‘ilganlar huzurida hijolat bo‘laveradi. Majburlash orqali yodlagani, majburlash orqali sahnaga chiqqanini sezish qiyin emas. Toshkentning Yunusobod mavzeidagi bir maktabda shuning aksini ko‘rdik. Adabiyot muallimasi o‘zining shaxsiy tashabbusi bilan dramma to‘garagi tashkil etgan. Maktab o‘quvchilari o‘zlariga yoqqan asarni saxnalashtira boshlashgan. Muallima teatrda ishlaydigan artist dugonasini ham bu ishga jalb qilgan. To‘garakdagi ish uchun u ham, muallima ham bir tiyin haq olmaydi. E’tiborli joyi shuki, saxnalashtirilgan asarda o‘ttizdan ortiq o‘g‘il bola ishtirok etgan. Yanada e’tiborlisi, biz «bo‘ysunmas» deb ta’riflagan toifadagilar ham jalb etilgan. Bo‘ysunmaslikda dong chiqargan o‘smirga bosh rol ijrosi berilganda barcha ajablanibdi. Avvaliga o‘smirning o‘zi ham o‘ziga bildirilgan ishonchdan gumonsiragan. Keyin ijodiy muhitga qo‘shilib ketgan. Bir kuni repetitsiya paytida maktabda chiroq o‘chib qolibdi. Shunda mashg‘ulotni ko‘chirishni istashmay, to‘garak rahbarining eri boshqaradigan avtobusda davom ettirishibdi. Oqibatda bolalar sahnalashtirilgan asar faqat maktabda emas, Abror Hidoyatov nomidagi teatr sahnasida ham ko‘pchilikka namoyish etildi. Xalq ta’limi vaziri, shahar xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining ham bu tamoshaga kelishlari bolalarni yanada ruhlantirdi. Bizda ana shunday fidoyilar ham bor. Faqat ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi hamkasblar va rahbar janoblar kamroq.
Fikrimiz isboti uchun bir voqeani bayon qilay: Men bolaligimda ulug‘ shoir Quddus Muhammadiy boshqargan adabiyot to‘garagiga qatnashganman. Bu to‘garak mening yo‘l tanlashimda muhim ahamiyat kasb etgan va u kunlarni minnatdorlik bilan eslayman. Ustoz bizga ko‘p narsani o‘rgatib, qarz qilib qo‘yganlar, qarzni uzish kerak, degan fikrda jamoatchilik asosida, ya’ni maosh olmasdan adabiyot to‘garagi ochish orzusi tug‘ildi. Eski Jo‘vada Oxunboboev nomidagi madaniyat uyi bo‘lardi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:38:39
Shu joyga murojaat etdim. Direktor janoblari «Mendagi to‘garaklarning hammasiga pul to‘lab qatnashishadi. Har bir xonaga pul to‘lash kerak»,- dedilar. Direktorni ayblash ham insofdan bo‘lmas. Faqat ugina emas, boshqa madaniyat uylari-yu, saroylari ham iqtisodning yangi bozor usuliga o‘ta boshlashgan edi. Madaniyat uylari mayda-chuyda firmalarning idoralariga, billiardxonalarga, diskotekalarga... aylangan damda adabiyot to‘garagi uchun bepul xona berish u kishiga g‘alati tuyuldi. Ma’naviyat va iqtisodga doir gaplarimizdan so‘ng bitta bo‘sh xona beradigan bo‘ldilar va dedilarki: «o‘tirishga stulni o‘zingiz topasiz». Nailoj! Bir sabab bilan Sobir Rahimov tuman hokimiga uchrashganimda voqeani aytib, o‘n beshta stul topishda ko‘mak so‘radim. Va’da berildi. Oqibat shuki, stul ham yo‘q, xona ham yo‘q. To‘garak ochilmadi. Uch yildan keyin bu bino umuman buzib tashlandi. Orzuni amalga oshirish uchun maorifchilarga murojaat qildim. Durust, ular stul so‘rashmadi. To‘garak ochildi. Ammo alohida xona ajratilmadi. Bir safar tikuvchilarning xonasida, bir safar duradgorlarning xonasida adabiyot to‘garagi o‘tadi. Bundan xafaligimiz ham, ajablanishimiz ham yo‘q, chunki biz elliginchi yillarda to‘garakka qatnaganimizda ham ahvol shu edi.
Endi fikrimizga qaytsak, bolalar bilan ish olib borishga mutlaqo yaroqsiz odamlar ham uchraydi. Hadeb boshqa sohalarni tanqid qilavermay, misolni o‘zimizdan olsak, bir adabiyot to‘garagining rahbari, shoir birodarimiz mashg‘ulotdan keyin o‘smir yigitlar bilan pivoxo‘rlikka borarkan. Bu odam bilan birga yurgan bolalardan shoir chiqadimi yo yo‘qmi, bilmayman. Ammo mayxo‘r chiqishi haqiqatga yaqinroq. Bunga o‘xshagan misollarni sport sohasidan ko‘proq keltirishimiz mumkin. Bolalar qamoqxonasida o‘tirgan besh o‘smir treneri bilan ulfatchilikdan keyin yo‘lto‘sarlik qilib qo‘lga tushishgan. Qonunga binoan trener ham jazolangan. Lekin vaqt o‘tgandan keyin beriladagin jazodan naf bormi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:38:54
Davlat bolalarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri yo‘nalishga burish muhimligini inobatga olib allaqancha mablag‘ ajratadi. Biroq, bu sohadagi ishlarning samarasi bilan qiziqish yetarli emas. To‘g‘ri, vaqti-vaqti bilan hisobotlar to‘planadi. Qog‘ozdagi hisobotlarda ishlar besh, ammo amaldagi natija qoniqarli emas.
Har qanday jamiyatda yaxshi (ya’ni ibratli) yoki yomon (ya’ni illatlar botqog‘iga botib yotgan) oilalar mavjud bo‘ladi. Shunday ekan, tarbiyaga faqat oila mas’ul, oilaga to‘la ishonish mumkin, degan fikrga qo‘shilishimiz qiyin. Ayrim mutaxassislar bu borada maktabni asosiy o‘ringa qo‘yib, maktab oilani boshqarishi shart, maktab jamiyat tomonidan belgilangan tarbiyani amalga oshiruvchi vositadir, deb belgilashadi. Bu amalga oshsa qani edi. Ammo aroqxo‘rning oilasini maktab tomonidan boshqarish u yoqda tursin, unga ta’sir etishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ham bu fikrni orzuga yo‘g‘rilgan nazariya, desak, yanglishmasmiz.
Hali bevoshlik ko‘chasiga o‘tmaganlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash bir masala bo‘lsa, bu ko‘chaga o‘rgana boshlaganlarni qaytarish o‘n karra og‘irroq masaladir. Chunki, buzilmagan bolalarni o‘sha to‘garaklarda ko‘rish mumkin. Biroq, izdan chiqqanlarni bu joylarda uchratmaysiz. Ularni faqat voyaga yetmaganlar bilan shug‘ullanuvchi nazoratchi ro‘yxatidagina ko‘ramiz. Biron yerda o‘qimaydigan, biron hunar olishga intilmaydigan, biron to‘garakka qatnashmaydigan o‘smirlarni bo‘sh vaqtdan to‘g‘ri foydalanishga jalb etish bilan qiziqqanimizda biz surishtirgan joylardagi ahvol 2-3 foizni tashkil etdi. O‘rganilgan joylarda militsiya nazoratchisi ro‘yxatida turuvchi o‘smirlarning 36 foizigina turli to‘garaklarga qatnaydi. 10,3 foizi bir oz shug‘ullanib, so‘ng sovub, tashlab ketgan. 19 foiz o‘smirda shug‘ullanishga umuman qiziqish yo‘q, taklif etilgan to‘garaklarning birontasiga bormaydi. 17,3 foiz o‘smir esa to‘garak deyilsa narigi mahalladan aylanib o‘tadigan bo‘lgan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:41:44
Albatta bu raqamlar ma’lum joyga xos, barcha yerlar uchun umumiy, deya olmaymiz. Ammo raqamlardagi ozgina farq deyilmasa, hamma yerda xo‘roz bir hilda qichqiryapti. Nega shunday? Bu o‘rindagi muammolarga diqqatingizni jalb qilamiz : 1. O‘smirga «shaxmat-shashka to‘garagiga kel»,- deb taklif qilsangiz sizni mazax qilib kuladi. O‘smirlarni o‘ziga jalb qila oladigan muassasalarimiz esa oz. 2.Qamalib chiqqan o‘smir shu to‘garakka kelsa ham qabul qilmaslikka urinamiz. Chunki u, boshqalarni ham buzib yuboradi, deb hisoblaymiz. «Ehtiyot - shart!» - bizning shiorimiz shunday, to‘g‘ri emasmi? 3.O‘smirlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan to‘garaklar oz ekani bir masala, ularning asosan shahar markazida ekani ikkinchi masala. Ayrimlarining pullik ekani yanada muhimroq masala.
Agar Toshkentning Beshqayrag‘ochida yashaydigan o‘spirin chavandozlikni havas qilsa, u shaharning narigi burchiga borishiga to‘g‘ri keladi. Qishloqlardagi ahvolni aytmasak ham bo‘lar. Tog‘dagi bir qishloqda yashaydigan bola skripkachi bo‘lishni xohlasa, ehtimol orzu orzuligicha qolib ketar. Pullik to‘garaklar yanada murakkabliklar tug‘diradi. O‘spirin hali pul ishlab topmaydi, demak, ota-onasiga yuk. Agar u tennis bilan shug‘ullanishni istasa-yu, otasi xohlamasa, demak, pul yo‘q. Agar ota istasa-yu, bola xohlamasa, pul bekorga sovurildi hisob.

Ba’zan mana bunday holat ham yuz berishi mumkin: bola aviamodelchilar to‘garagiga qatnaydi. Oilasi shaharning boshqa dahasiga ko‘chgach, qatnash imkoni bo‘lmaydi. (Imkon deyilganda faqat moddiy masala tushunilmasligi kerak.) Yangi uylariga yaqin yerda bunday to‘garak yo‘q. Ota-ona uni mavjud to‘garaklardan biriga, aytaylik, musiqaga da’vat etishadi. Bola istamaydi. Ota-ona uning o‘jarligidan ranjiydi. Hatto urishishadi. Bolaning ruhiy holatini esa hisobga olishmaydi. Avval aytganimizday, ayrim bolalar qiziqishlarini tez-tez o‘zgartiraverishlari mumkin, ayrimlari esa bitta tanlaganlarida sobit turadilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:42:01
Bundaylarga sharoit yaratib berilmasa hamma narsadan soviydi, qiziqishlari so‘nib «ko‘cha bolasi»ga aylanib qoladi. O‘rni kelganda uzoqdagi to‘garaklarga qatnovchi salohiyatli bolalar uchun sharoit yaratib berish masalasiga diqqatingizni tortmoqchimiz. Hatto moddiy jihatdan kamchiligi yo‘q oilalar ham bolalariga yo‘lkira berishni istamay, uzoqdagi to‘garakka bormay qo‘ya qolishini xohlashadi. Kam ta’minlangan oilalar esa ma’lum. Shunday ekan, to‘garaklarga qatnaydigan bolalar yo‘lkira to‘lashdan ozod qilinsalar bo‘lmasmikin? Ma’naviyat masalalari ko‘rilayotgan majlisda shu taklif bilan Toshkent shahar hokimiga murojaat qildik. Shu bolalar yo‘lkira to‘lagani bilan boyib, to‘lamasalar kambag‘al bo‘lib qolinmaydi, dedik. Taklif ma’qul kelganday bo‘ldi-yu, ammo amalga oshmadi, hatto o‘rganib chiqilmadi. Ma’naviyatga katta e’tibor berilayotgani yaxshi. Lekin bolalar va o‘smirlarning bo‘sh vaqtiga taaluqli muammolar ham ma’naviyat doirasiga kirishini unutmasak durustmidi?
Bolalarning bo‘sh vaqtidan unumli foydalanish haqida gap ketganda eng avvalo ularni jismoniy tarbiya - sportga tortish fikri ilgari suriladi. Biz bu fikrni inkor etmaymiz. Ruhiy salomatlik jismoniy salomatlikni ham talab etadi. Sport bilan shug‘ullanuvchi o‘smirlar bilan o‘tkazgan suhbatlarimizda ularning 80 foizi sport hayotlari uchun muhim ekanini aytishdi. 20 foiz o‘smir esa hayotdagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishda sport katta yordam berganini ta’kidlashdi. Hatto «bo‘ysunmas»larning 80 foizi ham shunga yaqin fikr bildirishdi. To‘g‘ri, jismoniy tarbiya boladagi mavjud iroda kuchiga quvvat beradi. Abdulla Avloniy hazratlari badan tarbiyasiga e’tiborlarini qaratib, shunday fikr bildirgan ekanlar: «Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordir.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:42:15
Jism ila ruh ikkisi bir choponning o‘ng ila tersi kabidir. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ustini qo‘yib astarini yuvub ovora bo‘lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sog‘lom bir vujud kerakdur... Imom Shofe’i hazratlari: «Ilm ikki hildur: biri - badan ilmi, ikkinchisi din ilmi», - demishlar. Bunga qaraganda eng avval hifzi sihat qoidalarini bilmak, salomatlikka ters bo‘lgan narsalardan saqlanmak ila bo‘ladur...» Sportning har bir kishi uchun koni foyda ekani haqida ko‘p gapirmasak ham bo‘lar. Ammo ayni shu sohada tarbiyaga oid jiddiy muammolarga duch kelamiz. Aynan shu sohada bolaning ma’naviy kamolotiga e’tibor kam.
Bola ma’lum bir sport turiga qiziqib, yoki akasimi, do‘stigami ergashib to‘garakka borsa, trener eng avvalo uning qobiliyatini tekshirib ko‘radi. Har bir trenerga faqat qobiliyatli bola kerak. Unga shunchaki to‘p tepib, bo‘sh vaqtini o‘tkazadigani kerak emas. Agar layoqat sezilmasa, trener undan osongina qutulib qo‘ya qoladi. Unga natija kerak. Bolada bugun bo‘lmasa ertaga qobiliyat yuz ochishi mumkin, degan gap unga yoqmaydi. Aynan sport trenerlarida tarbiyachiga zarur bo‘lmish bilim yetarli emas. Aynan shu sportda bola g‘irromga duch keladi. Bolalar sportida ayniqsa g‘irrom ko‘p uchraydi. Ma’lumki, musobaqalar yoshga qarab bosqichma bosqich o‘tkaziladi. 12-13 yoshlilar boshqa, 14-15 yoshlilarniki boshqa. Shunga yarasha talab ham, sharoit ham o‘zga-o‘zga bo‘ladi. Trenerlar musobaqada g‘olib kelish uchun 12-13 yoshlilar musobaqasiga 14-15 yoshli o‘smirni boshqa ism-nasabda qo‘yadilar. Ya’ni, 15 yoshli Boltaev 12 yoshdagi Teshaevning hujjati bilan musobaqada qatnashadi. Ko‘pincha shunday o‘yinchilar g‘olib kelishadi va yorliqlar ham birovning nomiga beriladi. Birovning nomidan g‘irrom ravishda musobaqada qatnashayotgan boladan yaxshi tarbiya kutish mumkinmi? U hayotida g‘irrom yo‘lini tanlab olmaydimi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:42:29
Sport bilan doimiy shug‘ullanib, oqibatda professionalga aylanganlar vaqti kelib maydondan chetga chiqishganda qiynala boshlashadi. Eng birinchi galda ular shuhrat shohsupasidan tushib, e’tiborsiz qolganlarida ruhan qiynaladilar. Keyin avvalgi daromadlari ham bo‘lmay moddiy jihatdan mashaqqat cheka boshlaydilar. Natijada ular tirikchilikning oson yo‘lini qidiradilar. Ma’lumki, jinoyatchi to‘dalarga chiniqqan yigitlar kerak. Sportdagi faoliyatini to‘xtatganlar aynan shu to‘dalarda panoh topganlariga misollar bor. Biz hamma sportchilarning yo‘li shu, degan ta’kiddan uzoqmiz. Lekin bittagina misol ham bizni sergaklantirishi zarur bo‘lgani sababli bu haqiqatdan chetlab o‘ta olmadik.
Bizda sport ishlariga tobora ko‘p e’tibor berilyapti. Sportchilarimiz jahonda o‘zlarini ko‘rsatishyapti. Ommaviy sport esa bu sohada ozgina orqada. Har mahallada sport maydoni bo‘lishi kerak, degan talab bor. Talab yaxshi. Ammo mahallada bo‘sh joy yo‘q-ku? Ko‘p qavatli uylar shu darajada zich qurilgan-ki, ozgina bo‘sh joy ham garajlar bilan band. Hokimiyatlarga kelgan ma’lumotlarga qaraganda bu talab hamma yerda qoyilmaqom qilib bajarilgan. Bu ma’lumotlarni ko‘rib ajablanasiz: sport maydonchasi tomlar ustidamikin? (Mazkur risola oqqa ko‘chirilayotgan paytda xukumat tomonidan bolalar sporti rivoji uchun jiddiy tadbirlar belgilanganidan xabar topdik. Bu tadbirlarning amalga oshuvi O‘zbekistonni jahon sporti olamida yuqori mavqelarga erishuvini ta’minlashi shubhasizdir.)
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:42:41
Sport to‘garaklaridagi ro‘yxatlarda militsiya nazoratida turadiganlarni kam uchratasiz. Qamoqdan chiqib kelgan o‘smirni hech bir trener qabul qilmaydi. Bironta shogirdi jinoyat bilan qo‘lga tushsa, «men aybdor emasman»,- deb o‘zini oqlaydi. Maktab esa «bu bola sportga qatnashib, buzilib ketdi»,- deb hukm chiqarib qo‘ya qoladi.
Biz suhbatlashgan muallimlarning ko‘pi sport bilan shug‘ullanish bolaning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishdi. Ayni choqda o‘quvchilari qatnovchi sport to‘garagi bilan qiziqmasliklarini ham tan olishdi. Muallimlarning gaplarida ozgina haqiqat bor: sport bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchi maktabda o‘zini boshqacha tuta boshlaydi. O‘qishga qiziqishi susayadi. Ilm olish zarurati haqidagi gaplarni eshitgisi ham kelmaydi. Chunki yaxshi sportchi bo‘lgani uchun ilmi bo‘lmasa ham oliy o‘quv yurtiga osongina kira olishini biladi. Oliy o‘quv yurtida o‘qimay turib diplom olishi mumkinligini ham biladi. Shunday ekan, muallimlarining gapi qulog‘iga kirarmidi? Bunday bola ayniqsa musobaqalarda g‘alaba qozona boshlagach, takabburlikni kasb qiladi. Sinfda, hatto maktabda «zo‘r»likni - «lider»likni talab qila boshlaydi. Uni kamtarlik ko‘chasiga qaytarish maktab uchun g‘oyat mashaqqat bo‘lib qoladi.
Mazkur risolani yozishga tayyorgarlik jarayonida sobiq ittifoq davrida bu sohada olib borilgan ishlarni eslashga, bu haqda yozilgan kitoblarni varaqlashga to‘g‘ri keldi. «Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi». «Kollektivizm», «Sotsialistik mehnat...», pioner va komsomol tashkilotlari... Shiorlar ham ko‘p edi, bolalar bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar ham anchagina edi. Ammo samara yo‘q edi. Avval zikr etganimizdek, ko‘p ishlar qog‘ozda bajarilardi. Endi zamon o‘zgardi, jamiyat o‘zgardi. Mafkura o‘zgardi. Hammasi yaxshi. Ammo biz o‘rganayotgan masalada hali bosh qotiradigan o‘rinlar ko‘p. Eskisini rad etib, yangisini tavsiya etolmayapmiz. Toshkent mahallarida bo‘lgan suhbatlarimiz chog‘idagi so‘rovlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, maktab muallimlarining 65-70 foizi, onalarning 80 foizi, otalarning 60 foizi bolalar bo‘sh vaqtlarini shaharning qaerida, qay muassassida foydali ravishda o‘tkazishlari mumkinligini bilishmas ekan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:43:08
Tarbiyaga mas’ul odamlar o‘ylab o‘ylariga yetgunlaricha har tomondan turli mafkura oqimlari yopirilib kelyapti. Kattalar tayin bir gap aytolmagach, o‘smirlar o‘zlaricha yashashga intilyaptilar. Hozir ularning diqqatini jalb etadigan muassasalar ko‘payyapti. Shulardan biri videobarlar bo‘lsa, yana biri diskotekalar. Videolar haqida fikr bildirdik. Diskoteka degan balo haqida ham ikki og‘iz aytmasak bo‘lmas. Chunki o‘smirlar bo‘sh vaqtlarini shu balo bilan to‘ldirishga ishqibozlar. Men «Diskoteka» deb nomlangan bir asar yozish maqsadida bu joylarni o‘rganishga harakat qildim. Bir qaraganda beozor joy. Yoshlar kelishadi, o‘yin-kulgu qilishadi, vassalom. Lekin sirtdan qaralgandagina bu joy beozor ko‘rinadi. Aslida esa buzuqlik va jinoyatning ostonasi hisoblanadi. Bu yerni o‘ziga hos buzuqlik bozori desak ham bo‘lar. Dastlab o‘smir va yoshlarning qilig‘ini ko‘rib ajablandim. Asabiy musiqa quloqni kar qiladigan darajada jaranglaydi. Yigitchalar qizchalarning harakatini raqs deyish ham qiyin. Allaqanday telbalikning namoyishiday ko‘rinadi. «Rok muzika», «Pop muzika» deyilmish san’at turlari (agar ularni san’at deb atash mukin bo‘lsa) yoshlar ongiga giyohvand kabi ta’sir o‘tkazadi. Ayrimlar o‘zlarini bilmay qoladigan darajada talvasaga tushadilar. Olimlarning tajribasiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Kichik tovuqxonada osoyishta mumtoz kuylar qo‘yilganda tovuqlarning yurishlarida ham hotirjamlik bor edi. Keyin o‘sha jazavali «rok muzika»dan qo‘yildi. Avvaliga tovuqning ko‘zlari besaranjom bo‘ldi. Keyin titray boshladi. Oxiri tutqanoq tutganday yiqilib oyoqlari akashakday tortishdi. Agar o‘sha damda kuy to‘xtatilmaganda uning o‘lib qolishi ham mumkin edi.
Ana shunday yerda yoshlarimiz bo‘sh vaqtlarini o‘tkazyaptilar, biz esa bunga mutlaqo ahamiyat bermaymiz. Giyohvandlik ko‘payyapti, deymizu, aynan shu yerda o‘rganishlari mumkinligini hisobga olmaymiz. Buzuqlik ko‘payyapti, deymizu, aynan shu yer buzuqlik manbai ekanini tan olgimiz kelmaydi. Bizda rasman tungi diskotekalar yo‘q. Aslida esa ko‘p diskotekalar tuni bilan ishlaydi. Bu holatni nazorat qilishi lozim bo‘lgan militsiya xodimlari shu diskotekalar yonidan o‘tishayotganda ko‘zlarini yumib oladilar. Nima uchun bunday qilishlari yolg‘iz o‘zlarigayu Xudoga ma’lum.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:44:18
Diskotekalar bilan tanishgach, shahar xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga undagi ahvolni bayon qilib, «u yerdagilarning ko‘pi maktab o‘quvchilari, chora ko‘rilmasa bo‘lmaydi»,- dedim. Bu fikrim u kishiga ma’qul bo‘ldi. «Ertaga shu masalada katta majlis bor, gaplaringizni yetkazaman»,- dedilar. Ehtimol gapimni yetkazgandirlar, bunisi menga qorong‘u. Lekin gapni eshitgan majlis ahli ham militsionerlar kabi ko‘zlarini yumib olgandirlar. Umid shuki, bu mas’ul janoblar qachondir ko‘zlarini ocharlar, ammo unda kech bo‘lib afsuslar daryosida suzib qolmasmikinmiz?

«MEN» - O‘ZLIKNI ANGLASH

 «Mening o‘rnim qani?»"¢

 Eng oson chora - o‘lim"¢

 Taqdir manglayi o‘zgaradi"¢

 Sizning zamonangiz emas"¢

Birinchi voqea:
Onaning faryodi ko‘klarni tutdi - o‘g‘li o‘zini o‘zi osibdi. Imom kelib, «bundaylarga janoza o‘qilmaydi»,- deb ketdi. Onaning bir alami ming bo‘ldi. O‘g‘liga hammaning havasi kelardi. Ovozi rasta bo‘lib, bo‘ylari o‘sib, ko‘zga tashlanib qolgan edi. Nima bo‘ldi? Ko‘z tegdimi?
Ayollar yig‘i-sig‘i orasida go‘shanga yasadilar. Bu dunyodan go‘shangasiz ketmasin...
Go‘shangaga kirdi... His-hayajon bilan emas, sovuq jasadda... tobutda...
Sovuq yuzlariga gullar sochildi...
Ichkarida irim-sirimlar... Tashqarida esa gumonlar: bola o‘zini nega osdi? Birov «Giyohvanddir, doridan ko‘proq olvolgandir»,- deydi, ikkinchisi unga e’tiroz bildiradi: «Doridan ko‘p olsa til tortmay o‘ladi, o‘zini osolmaydi. Dori topolmay qiynalgandir...» «Biror qizni zo‘rlab qo‘yib, qo‘rqqanidan osgandir...»
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:44:37
Ikkinchi voqea:
Onaning faryodi ko‘klarni tutdi - qizi o‘zini yoqibdi. Bo‘yi yetib, durkungina bo‘luvdi-ya! Sovchilar o‘g‘rincha qarab-qarab qo‘yishardi-ya! Maktabni bitirgach biror xonadonga kelin salom bilan kirib borardi-ya! Bir yigitni baxtligina qilardi-ya! Go‘shangaga kirmay ketdi... Kelin salom qilmay ketdi...
Sovuq qabr uni bag‘riga oldi. Unga janoza o‘qilmadi. Undan so‘nggi xotira - bir parcha qog‘oz va undagi so‘nggi o‘tinch: «Onajon, meni kechiring...»
U sovuq qabrda yotibdi, atrofda esa u haqdagi sovuq mish-mishlar...
Ma’suma haqida qanday mish-mish bo‘lardi, bayon etmaylik..
Bu ikki fojiani keltirib chiqargan sababni hozircha chetlab o‘taylik. Oz bo‘lsa-da uchrab turadigan shunga o‘xshash voqeani ehtimol siz ham eshitgandirsiz. Siz ham turli gumonlarga borgandirsiz. Bayon etganimiz ikki voqea haqida ham bir oz o‘ylang, sababini topishga urinib ko‘ring. Bu masalaga biz sal keyinroq alohida to‘xtaymiz.
Biz «Mening fikrimcha», «Mening nazarimda», «Men o‘ylaymanki», degan iboralarni ko‘p ishlatamiz. «Men» - shaxs demak. Dunyoni ko‘ruvchi, dunyoni idrok etuvchi, fikr bildiruvchi bir shaxs ikkinchisiga sira o‘xshamasligi sir emas. Bir ota bir onaning farzandlari qosh-ko‘zlari o‘xshasa-da, shaxs sifatida farqlanadilar. Kishi ongini boshqaruvchi «Men» nima, uning jinoyat olamiga qanday daxli bor?
Kishilikdagi «Men» masalasi ko‘p asrlardan buyon faylasuflarning, ruhshunoslarning, tabiatshunoslarning tadqiqot manbai bo‘lib kelgan. Jahon fani haligacha Konfutsiy, Dekart, Kant, Freyd, Xeygel, Nitsshe, Uotson kabi faylasuflarning fikrlari atrofida bahslashadi. Faylasuflar nazaridagi «men» - oddiyroq aytilsa, kishining o‘zini o‘zi tanishi, shaxs sifatida shakllanib, jamiyatdagi o‘z o‘rnini topishidir. Shu jihatdan qaraganda ruscha «Ya»ning tarjimasi o‘laroq qabul qilganimiz «Men» atamasi o‘rniga «O‘zlik» deb ishlatganimiz ham ma’qulroq.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:46:33
Frantsiyalik faylasuf Rene Dekart «Fikrlayapman, demak, mavjudman»,- degan g‘oyani ilgari surgan ekan. Shunga ko‘ra, o‘zini, o‘zlikni anglash qachon boshlanadi, degan savol ham o‘rtaga qo‘yilishi mumkin. Ro‘yo va haqiqatni farqlab olish uchun kishi fikrlaydi. Bu fikrlash o‘n yashar bolaga xos emas. Ehtimol 20-25 yoshda bu masala xususida fikrlay boshlar. Unda o‘z-o‘zini tanimoqlikni shu yoshda belgilaymizmi? Agar shunday qilsak, olti yoshli bolaning fikrlashini nima deb ataymiz? Masalan o‘sha bola daraxtni ko‘radi, gullashini, meva tugishini kuzatadi. Meva bor paytda olib berishni talab qiladi. Mevalar tugagach, talabni ham bas qiladi. Kelgusi yili daraxt gullagach, oqibat meva bo‘lishini bilib, kutadi. Agar shu yoshdagi bola kattalarning ko‘chat o‘tqazishini ko‘rsa, u ham cho‘plarni yerga suqishga intiladi. O‘z xayolida ko‘chat ekkanday bo‘lib, quvonadi. Bu ishi uchun kattalardan olqish kutadi. Demak, u ham fikrlayaptimi? Ongi borliqdagi o‘zgarishlarni qabul qilyaptimi? Tahlil etyaptimi? Demak, u o‘z-o‘zini tanishni boshlagan, borliqda o‘z o‘rni borligini bilyapti, shunga yarasha o‘ziga e’tibor talab qilyapti. Ayrim olimlar buni ongsiz ravishda anglash, deb hisoblab, «fikrlash» tushunchasiga qo‘shmaydilar. Biz bu qarashni ma’qullay olmaymiz. Go‘dak tug‘ilib, ko‘zi ochildi - borliqni ko‘rdi. Miya hujayralari shakllana boshladimi, demak, o‘ziga xos ravishda fikrlay boshladi. Olti yashar bola bilan o‘n olti yoshli bolaning «Men kimman?» degan savolga javoban o‘zini o‘zi tanishdagi holati, talab, intilishi bir hil emas, albatta. «Men» masalasida bosh qotiruvchi faylasuflar uchun bu farq uncha muhim emasdir. Ammo tarbiya uchun mas’ul odam bu farqni e’tiborga olishga majbur.
Ayrim olimlar go‘dakning dastlabki oylardagi harakatlarini fikrlashdan holi deb biladilar va bu da’volarini isbotlash uchun «Odam bir-ikki yoshgacha ko‘rganlari, eshitganlarini eslamaydi, unutadi», deydilar. Ularning aytishlaricha, unutishlariga sabab - tillari chiqmagani, gapira olmasliklari ekan. Agar bu fikrni to‘g‘ri deb qabul qilsak, fikrlash gapirish bilan bog‘liq bo‘lsa, soqovlar umuman fikrlamaydilarmi? O‘sha olimlarning ta’kidiga ko‘ra, bolaning o‘zlikni anglashdagi birinchi harakati «Men» degan so‘zni aytishidan boshlanarkan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:47:12
Bu fikrga ko‘ra siz: «Bu qant kimniki?»- deb so‘rasangiz, bola «Meniki (yoki «o‘zimniki»)»,- deydi. «Bu kimning ayasi?» desangiz - «Meniki!» deydi. Yoki bolaning qo‘lidan ushlab yetaklasangiz «o‘zim yuraman», deydi, biror ishni ham (eplolmasa-da) «o‘zim qilaman», deydi. E’tibor bering, bu shunchaki harxasha emas, bola o‘zining haqqini talab qilyapti. Jamoada o‘zining o‘rni borligini fahmlayapti. U o‘z o‘rnini, haqqini turli yo‘llar va usullar bilan talab qiladi, ko‘p hollarda talabining bajarilishiga erishadi. Ba’zan erkalanadi, ba’zan yig‘laydi, ba’zan kattalarni yomonlaydi yoki chaqimchilik qiladi. Bu jarayon, ya’ni bolaning shirin so‘zlari, qiliqlari bizni faqat quvontiradi. Shaxsning yetuklik sari qadam tashlayotganini esa sezmaymiz yoki e’tiborsiz qoldiramiz. «Talab qilinayotgan narsaga yolg‘on aytish yoki chaqimchilik orqali oson erishish mumkin», degan fikr asta-sekin quvvat olib, bola fe’l atvorining shakllanishida hukm o‘tkaza boshlagach, uni bu yo‘ldan qaytarish harakatiga tushamiz. Har qanday noto‘g‘ri fikr birdaniga tug‘ilmaydi, tasodifan yuzaga chiqib, amalda ko‘rinmaydi. Boladagi fikr yerga qadalgan uruqqa o‘xshaydi. Unib-o‘sib, meva tugguncha ancha vaqt, hatto yillar o‘tadi. Biz faqat mevasiga duch kelganda ajablanamiz. Otasi olib keladigan shirinlikka sherik bo‘luvchi aka besh yoshli bola uchun asosiy raqib sanaladi. U raqibni chetga surish yo‘lini izlaydi. Bir marta qilgan chaqimchimligi yaxshi samara bersa, aka shirinlikdan mahrum etilsa, u o‘zining g‘alabasidan quvonadi. So‘ng bu «qurolini» tez-tez ishga sola boshlaydi. U olti yoshida, sakkiz, o‘n yetti yoshida ham raqiblarni surishda aynan shu uslubdan foydalanadigan bo‘lib qoladi. Kaminani balandparvozlikda aybsitmang, vatan xoinlari asosan chaqimchilardan chiqadi. Chaqimchilikni islom dini ham qoralaydi. Rivoyat qilishlaricha, Muhammad alayhissalom mozor yonidan o‘tayotib, bir qabrga qarab qolibdilar. So‘ng daraxtdan bir shoxcha sindirib olib, suqib qo‘yibdilar. Sahobalar buning ma’nosini so‘raganlarida u muhtaram zot «Bu yerda yotgan odam, hayot chog‘idagi chaqimchiliklari uchun qabr azobida qiynalyapti. Mana bu barglar to qurigunlariga qadar Ollohga tasbeh aytib turadi va bu onda marhum azoblardan xoli bo‘ladi»,- degan ekanlar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:47:24
Biz bolamizning chaqimchiligini bilmay turib, uni rag‘batlantirib qo‘yamiz. Agar «nima uchun chaqimchilik qilyaptiykin?»- deb o‘ylasak, chaqimchiligi uchun mukofot bermay, ayblasak, bolaning kelajagi o‘zgacha bo‘lishi shubhasiz.
Ruh kamoloti yo‘lidagi zilzilalar, inson mayllari, tushuncha va tasavvurlari, ehtiyoj va talablari, iztirob va qiynoqlari, ziddiyatlar va muvofiqliklar, kurash va g‘alaba, yo‘qlik va borliq, jism va jon... Odam bolasining o‘zlik sari shakllanishi shular kabi so‘qmoqlardan o‘tadi. Har bir tushuncha har yoshda o‘ziga hos tarzda takrorlanadi. Masalan, ehtiyoj va talabni, yoki iztirob va qiynoqni o‘n yoshli bolada ham, o‘n sakkiz yoshli yigitchada ham kuzatish mumkin. Shunday ekan, o‘zlikni anglash tabiatning o‘zi kabi doimiy harakatdadir.
Faylasuf olimlar o‘zlikni anglash jarayoni haqida so‘z yuritishganda ko‘pincha dinni tanqid ostiga oladilar. Asli yahudiy yoki nasaro yoki musulmon bo‘lmish olimlarda ham buni uchratamiz. Ularning fikricha, din kishining o‘zlikni anglashida to‘siq ekan. Ular «Taqdiri azal», ya’ni «inson taqdiri hali tug‘ilmasidanoq belgilangan», degan aqidani yuzaki tushunib, tanqid qiladilar.
Umar Hayyom hazratlarida shunday to‘rtlik bor ekan:
Yo Rab, loyimni-ku, qorgan o‘zingsan,
O‘rish-arqog‘imni o‘rgan o‘zingsan.
Yomonmanmi, yaxshi, men nima qilay?
Taqdir manglayini bergan o‘zingsan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:47:37
Agar shunday fikrlansa, bolaning jinoyat ko‘chasiga kirishi yoki yaxshi inson martabasiga yetishmog‘i - tug‘ilmasidanoq belgilab qo‘yilgan bo‘lib chiqadi. Ya’ni bola jinoyatchi bo‘lib tug‘iladi, uni tarbiyalashga urinish shart emasmi? Yo‘q, aslo unday emas. Agar odam yaxshi fazilat yoki yomon illat bilan tug‘ilsa, tarbiya etmoqlikdan foyda bo‘lmasa, Olloh ilohiy kitoblarini tushurarmidi, payg‘ambarlariga «bandalarimni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga mas’ulsan»,- deb vazifa yuklarmidi? Axir Tavrot, Injil, Qur’on - barchalari nasihat, odamlarga tarbiya-ku? Olloh insonni aziz va mukarram qilib yaratganini Qur’oni karimda aytadi. Insonga aql berilgan. Uning ro‘parasida ikki yo‘l turadi: agar yaxshilikni kasb etsa - saodatga yetishadi, zulmna tanlasa, Bobur mirzo hazratlari yozganlaridek: «Har kimki jafo qilsa jafo topqisudir». Bolaning ana shu yo‘ldan qay birini tanlashi o‘zlikni anglashdagi muhim nuqtalardan biridir. Maqol tili bilan aytsak: daraxt qushni tanlamaydi, qush daraxtni tanlaydi. Shunga ko‘ra taqdir kishini tanlamaydi, kishi taqdirini tanlaydi. Odam bolasi Xudoni tanishi uchun avval o‘zini tanishi kerak.
Bola peshonasida ikki taqdir - ikki hil yo‘l mavjudligini darrov farqlay olmaydi. Buni farqlagunicha borliqdagi xodisalar uni ko‘p gangitadi. Ana shunday gangib yurganida kattalarning munosabatlari hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:48:34
Garchi faylasufu boshqa olimlar bu «Men» xususida ko‘p asrlardan beri bosh qotirsalar-da, biz o‘z farzandimizdagi bu jarayonga yetarli e’tibor bermaymiz. Siz bilan bizdan masalaga faylasufona yondoshish talab etilmaydi. Biz bolamizga mehribon, sinchkov ota-ona sifatida yaqinlashsak bas.
Biron tanishimiz yoki qarindoshimiznikiga bir yil o‘tkazib borsak, bolalarini ko‘rib: «Qarang-a, o‘g‘lingiz kap-katta bo‘lib qolibdi», deb hayratlanamiz. O‘z farzandimiz o‘z qanotimiz ostida kun sayin emas, soat, daqiqa sayin o‘sib ulg‘ayayotganini esa sezmaymiz. Bola o‘zini anglash jarayonida biz berayotgan adabdan tashqari atrofdan olayotgan taassurotlari asosida o‘zicha fikr yuritadi. Bolaga maktabda yoki uyda sharafli hadisdagi «Beshikdan to qabrga qadar ilm egalla», hikmatini yoki Xitoy faylasufi Konfutsiyning: «Uyda yoshlar ota-onalarini izzat qiladilar. Xonadondan tashqarida kattalarning gaplariga quloq osadilar, haqiqatgo‘y va ehtiyotkor bo‘ladilar. Barchaga, ayniqsa odamiylikni fan qilgan insonlarga muhabbatda bo‘ladilar. Shu harakatlaridan so‘ng kuch-quvvat topa olsalar ilm olmoqqa intiladilar», degan dono so‘zlarini singdirishga harakat qilindi, deylik. Bola bu so‘zlarning to‘g‘ri ekanini tan oladi. Lekin ko‘chada, masalan, choyxonada doimiy ravishda bekor laqillab o‘tiruvchilarni ko‘rib, bu haqiqatga amal qilish shart emas ekan, degan fikrga kelmaydimi?
Ba’zi ota-onalar farzandidan ranjib «Hech gap tushuntirolmayman», deb nolishadi. Chindan ham bolaga gap uqdirish oson emas. Xo‘sh, o‘zimizchi, farzandlarimizning gaplarini, xohishlarini darrov tushunamizmi? Ota-ona bilan farzand o‘rtasida tushunishlik bobidagi kelishmovchilik qachon paydo bo‘ladi-yu, u qanday hal etiladi? Hal etish chog‘ida bolaning o‘zini tanish, anglashga intilayotgani hisobga olinadimi? Ba’zi o‘smir otasi yoki onasiga maqsadini anglata olmay «Siz tushunmayapsiz!»- deb yuboradi. Ota-ona buni eshitib: «Ha, endi biz tushunmaydigan bo‘lib qolganmiz»,- deb ranjishadi. Ranjish o‘rniga bolamiz aytayotgan masalaga uning ko‘zi bilan qarab, uning ongi bilan fikrlab ko‘rsak-chi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:48:57
Aflotun hakim debdilarki: «Farzandlaringiz ilm va adabini o‘zingizning ilm va adabingiz bilan cheklamang, ularni kelgusi zamon uchun tayyorlang, chunki ular sizning zamonangiz emas, kelgusi zamon odamlari bo‘ladilar.» Bu dono fikrning isboti uchun bir misolga murojaat etaylik: yoshlarning kiyinishlari har yili bir hil bo‘lavermaydi. Kattalarning bu masaladagi qarashlari ham bir hil emas. Deylik, o‘smir qiz tor shim kiyishni yoqtiradi. Bu - uning zamonaviy kiyinish madaniyatiga bo‘lgan munosabati, madaniyatni o‘zicha anglashi. Bu kiyinishda u zarracha yomonlik ko‘rmaydi. 40-45 yoshli ota-onasi ham unga e’tiroz bildirmay «Ha, endi yoshlarning rasmi shu-da», deb qo‘ya qolar. Ammo qizchaning shim kiyishiga buvisi va buvasi mutlaqo qarshi bo‘ladi. Bunda ular behayolikni ko‘radilar. O‘zni endi-endi anglay boshlayotgan qizcha uchun bu ziddiyat ham ta’sir etishi mumkin.
O‘rni kelganda ta’kid joizki, bola tarbiyasida buvi bilan boboning ishtiroki juda muhim. To‘g‘ri, ular bolani ota-onaga nisbatan ko‘proq erkalatadilar. Bola ota-onasi tomonidan jazoga tortilishini bilsa darrov buvisi yoki bobosi himoyasiga oshiqadi. Shuning barobarinda maslahat lozim bo‘lsa birinchi galda ularga murojaat etishadi. Barchamizga ma’lumki, 50-60 yoshlardagi buvi bilan boboning hayot tajribasi 35-40 yoshlardagi ota bilan onanikidan boyroq. Shunday ekan, ular tomonidan berilguvchi foydali maslahatlarning qadriga yetmoqlik lozim bo‘ladi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadi-ki, buvisi va bobosi bor xonadondagi bolaning tarbiyasi boshqalarnikidan farqlanadi. Hozir ayrimlar yigirma yoshidayoq ota yoki ona bo‘lishyapti. Agar ular alohida yashashsa bolaga beriladigan tarbiyaning qanday bo‘lishini tasavvur qilavering. Televizordagi qiziq xangomaga guvoh bo‘lgan edim: birinchi farzandni ko‘rgan ota ayoli va o‘g‘lini tug‘ruqxonadan olib chiqadi. Kechki payt qarasaki, ahli ayoli choyshablarni yuvyapti. «Nima qilyapsiz?» deb so‘raydi yosh ota. «O‘g‘lingiz bo‘ktiribdi, yuvyapman», debdi yosh ona. «Ie, darrov-a?» deb ajablanibdi yosh ota. Qarang, ota bo‘lmish yigit chaqaloq bir-ikki yoshidan boshlab bo‘ktirsa kerak, deb o‘ylaganmikin? Hali o‘zlari tarbiyaga muhtoj, hali hayot so‘qmoqlarini yaxshi anglamagan yosh ota-onalarga buvi va bobolarning e’tibori, ko‘magi juda-juda zarur.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:49:21
Ta’bir joiz bo‘lsa, bolalikdan o‘smirlik olamiga o‘tishlik - kishining qayta tug‘ilishidir. Endi faqat atrofni ko‘radigan odamcha emas, bu borliqda o‘zini ham ko‘ra oladigan, fikrlaydigan shaxs tug‘iladi. Birinchi tug‘ilishda go‘dak chinqirib go‘yo deydiki: «Mana men yorug‘ dunyoga keldim. Quvoning va bundan buyog‘iga men uchun tashvishlar cheking. Men hozircha sizning yordamingizga muhtojman. Bir daqiqa bo‘lsin, meni unutmang. Meni avaylang, har bir nafasimni kuzatib, beshigim yonidan jilmang. Sizlarning mehringizga, shafqatingizga ehtiyojim bor! Sal o‘tmay meni atak-chechak qilib yurg‘izing, yiqilsam - turg‘izing, boshimni silang...» Odam ikkinchi bor tug‘ilishida butunlay o‘zgacha ohangda deydiki: «Endi men qanotlaringiz ostidagi polopon emasman, hadeb qo‘limdan ushlab yetaklayvermang, hadeb izimdan yuravermang. Bosgan qadamlarimga ishonchsizlik bilan qaramang. Yo‘rgakda tutishga intilmang, beshikdagi holimni unuting. Men mustaqil odamman. Qo‘limdan yetaklashga urinmang. Men ro‘paramda baland tog‘ni ko‘rib turibman Uning yuksak cho‘qqilari bor. Bu tog‘dan o‘zim mustaqil ravishda oshib o‘tmoqchiman. Bu - mening hayotdagi maqsadim. Men cho‘qqiga ko‘tarilishni boshlayapman. Har bir qadamim bilan men yuqoriga ko‘tarilayapman. Ro‘paramdagi ufq tobora kengayyapti. Yanada ko‘proq odamlarni ko‘ryapman. Ularni tushunishga harakat qilyapman. Mehr o‘rniga adolatsizlik, ilm o‘rniga johillik, shafqat o‘rniga zulmni ko‘rganimda qo‘rqib ketyapman. Men bu borliqda tayanchga muhtojligimni sezyapman. Men aqlli, dono, adolatli odamga zorman. Men yonimdagi kuchli va donishmand odamga suyansamgina cho‘qqiga chiqa olaman. Ammo men buni hech kimga ayta olmayman. Muhtojligimni tan olishim - men uchun isnod. Hamma meni «mustaqil qadam tashlovchi odam bo‘lib yetilibdi, cho‘qqini o‘zi zabt eta oladi», deb hisoblashini xohlayman.» Agar o‘smirlik olamiga o‘tgan farzand ota-onasiga bir nima demoqqa jur’at va istak topa olsa edi, ehtimol shularni aytarmidi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:49:37
Farzandlarimizda 10-11 yoshdan to 14-15 (o‘g‘il bolalarda ba’zan 16) yoshgacha tibbiy til bilan aytganda, anatomo-fiziologik jihatdan keskin o‘sish sodir bo‘ladi. Go‘yo tabiat haykaltaroshu o‘zining ijodiga xos bu jonli haykalni tezroq takomilga yetishtirishga urinayotganday. Bu jarayon sirtdan qaraganda ovozning do‘rillashida (Buni «ovozi rasta bo‘lbdi», deymiz) seziladi, bo‘yning o‘sishida ko‘rinadi va biz asosan shunigina payqaymiz. Ichki to‘lqinlarni, o‘zgarishlarni sezmaymiz. Biz haykaltaroshga o‘xshatgan tabiat o‘smirning ham jismoniy, ham jinsiy o‘sishini hisobga olishga ulgurolmayotganga o‘xshaydi.Bolaning suyaklari shu darajada tez o‘sadi-ki, uning mushak to‘qimalari bu o‘sishga monand rivojlana olmay qoladi. Ana shunda o‘smirning mushaklarida og‘riqlar paydo bo‘lib o‘zini ham, ota-onasini ham havotirga soladi. Bolaning tashqi ko‘rinishida (ayniqsa 13-14 yoshida) keskin va sezilarli o‘zgarish sodir bo‘ladi. Uning qomati qo‘pollashadi, uzun va ingichka qo‘l-oyolarini qanday boshqarishni bilmay qoladi. Bu o‘sish yoshida qizlar qadlarini egibroq yurishga odatlanib qoladilar. Agar aynan shu yoshda bolalarning o‘zlariga, yurish-turishlariga e’tibor berishlari ortajagi inobatga olinsa, ularning bu beo‘xshovlikdan qanchalar iztirobga tushishlari, oqibatda asabiy va qaysar bo‘lib qolishlari sababini tushunishimiz mumkin. O‘smir doimiy ravishda o‘zining qomati bilan boshqalarnikini solishtiradi. Agar boshqalardagi fazilat, aytaylik, adl qomatni o‘zida ko‘rmasa siqila boshlaydi.
Bu yoshda badandagi quvvatning asosiy qismi jismoniy o‘sishga sarf etilishi natijasida o‘smir o‘zini behol seza boshlaydi. Qo‘shimcha dam olishga, tartibli ravishda quvvatli taom iste’mol qilishga ehtiyoji kuchayadi. Agar bola biz aytgan ishni bajara olmasa, asabiylashamiz, uni urishamiz. «Charchadim», desa buni bahona sifatida qabul qilib «Yosh bola narsa uyalmaysanmi, shu yoshda ham charchaydmi?»- deb uyaltiramiz. Ota-onalarning juda oz qismi farzandidagi bu jismoniy va jinsiy o‘zgarishlarni hisobga oladi. O‘zining ham bir paytlar shu jarayonni bosib o‘tganini unutib qo‘yadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:50:10
Tibbiyotchi olimlarning kuzatishicha, bu yoshda yurakning hajmi ham kengayar ekan. Qon tomirlari esa shunga mos ravishda kengaymay ikki-uch yil avvalgi holatini saqlab qolarkan. Qon bosimi oshishini biz kattalarga xos kasallik deb bilamiz. Holbuki, aynan shu o‘smirlikka o‘tish yoshida (o‘g‘il bolalarda 12-13, qiz bolalarda 10-12 yoshda) qon bosimi 140, ba’zan 150ga qadar ko‘tariladi. To‘qqiz yoshli bolaning qon bosimi 90 ekani hisobga olinsa, bu o‘sishning miqyosini his etish mumkin. Bosimning bunday oshishi vaqtinchalik holat. Bu paytda o‘smirning boshi aylanadi, ovqat hazm qilishi ham buziladi, qorin atrofida og‘riqlar sezadi.
O‘smir o‘zidagi bu noxush o‘zgarishlar sababini anglayolmay qiynaladi. Sabablarni ota-onasidan so‘rashga uyaladi. Harakatlarini jonlantirish evaziga bu noxushliklardan qutulmoqchi bo‘ladi-yu, ammo battar holsizlanib qoladi. Badandagi turli a’zolarning bir xilda, bir-biriga mos ravishda o‘smasligi ko‘krak qafasi va o‘pkada ham seziladi. Qon bosimi oshishi oqibatida bolaning ko‘kragi qisiladi, yurak urishi tezlashib, kechalari uxlay olmaydi. Hatto yurak urishida meyor buziladi.
Biz, kattalarning kamchiliklarimizdan biri - farzandlarimizdagi mana shu jismoniy o‘sish jarayonida jinsiy uyg‘onish boshlanishini e’tiborsiz qoldiramiz. «Bolamiz katta bo‘lib qoldi, ulg‘ayyapti», deb quvonib yuraveramiz. Bu jarayon tufayli bolaning fikrlashida, his-hayajonlarida, kattalar bilan, hatto o‘z tengdoshlari bilan muomalasida jiddiy o‘zgarish sodir bo‘layotgani esa bizlarni tashvishlantirmaydi, sergaklantirmaydi. To‘g‘ri, farzandimiz muomalasidagi o‘zgarishni sezamiz ammo biz ham muomalamizni o‘zgartirishimiz zarurligini fahm etmaymiz. Afsusli yeri shundaki, bizda hali ham jinsiy tarbiya masalasi ikkinchi hatto uchinchi darajali hisoblanadi. Ota-ona farzandlari bilan bu haqda gaplashishni uyat deb biladilar. Yaxshiki, ayrim onalar qizlariga kerakli e’tiborni qaratadilar. Otalar esa o‘g‘illari bilan bu haqda deyarli gaplashmaydilar Shuning natijasidamikin, ota bilan o‘g‘ilning orasidagi masofa yaqinlashish o‘rniga uzoqlashib boraveradi. Zarur tarbiya ota-ona tomonidan berilmagach, o‘smir o‘ziga kerakli odobni horijning behayo filmlaridan oladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:50:38
Tanishimizning o‘n yettiga to‘lmagan farzandi bir qizni zo‘rlashda ayblanib, qamaldi. Ikkinchi tanishimiz bu voqeani sharhlab, dediki: «Ayb otasida. Bir kuni hojatxonasiga kirsam, yalang‘och ayollarning suratlarini osib tashlashibdi. «Bu nima qilganinglar?» desam, «Hozirgi yoshlarning erotik tarbiyasiga e’tibor berish kerak,shunaqa suratlarni ko‘rsa ko‘zi pishadi-da, yomon yo‘ldan tiyiladi», deydi. Mana, oqibat - ko‘zi ham pishmadi, o‘zi ham tiyilmadi, battar bo‘ldi, erotik tarbiyasi o‘zining boshiga tashvish soldi.» Yevropaliklar «erotik tarbiya», deb atayotgan narsani biz «jinsiy tarbiya», deb tushunadigan bo‘lsak, bu sohada nihoyatda ehtiyotkor bo‘linmog‘i shart. Chunki «erotika»ning nechog‘li zarar ekaniga bu tarbiyaning tarafdorlari bo‘lmish Yevropa va Amerika qit’asi mamlakatlari guvoh bo‘lib turishibdi. O‘smirlar orasida jinsiy xastaliklarning va qamalishlarning ortib borayotganini biz ta’kid etmasak ham bo‘lar. Bu tarbiya alamini totayotgan mamlakatlarning fig‘oni ko‘kka uchayotgan damda sharqqa olib kelmoqlikka urinish aqlsizlik emasmi? Amerika yoki Yevropadagi «donishmandlar» «San’atdagi erotika tarbiyaga yordam beradi, seksni ko‘rsatish zararli», deyishadi. Biz ularga o‘zbek maqoli bilan javob beraylik: «Oq it - qora it, bari bir it emasmi?» Endi mazkur atamaning lug‘aviy ma’nosiga kelsak, asli yunoncha bo‘lgan bu so‘z jinsiy xirslarni benihoya darajada qo‘zg‘otishni, ishqiy maishatga intilishni anglatadi. Esi butun odam uchun bunda ijobiy ma’no mutlaqo yo‘q. Ijobiy tarbiya haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Ba’zilar «Erotikaga doir filmlarni o‘smirlar ham ko‘rsa bo‘ladi, faqat uning oqibatini tushuntirish kerak»,- deydilar. Bu «donolar»ga aytamizki: «Afandilar, siz o‘smirga behayo lavhani ko‘rsatdingizmi, tamom, uning ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar bo‘ldi. Yaxshi narsani ko‘rishni, yaxshi gapni eshitishni istamaydi. Uning xayoli faqat ko‘rgan lavhasi bilan band.» Shunday ekan, erotikani jinsiy tarbiya usuli demoqlik - ahmoqlikdan boshqa narsa emas.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:50:53
Bu yoshga yetgan o‘smirning miya qobiqlarida, asab hujayralarida ham jiddiy o‘zgarishlar kuzatiladi. U bolalarcha fikrlashdan voz kechib mavhum fikrlashga o‘ta boshlaydi. O‘smirlarning (Qizlarda ertaroq, yigitchalarda sal kechroq) fikrlash tarzida muhim o‘ziga hoslikni ko‘rish mumkin. Ya’ni: maktabda eshitganlari, kitoblardan o‘qib bilganlari, atrofni kuzatish natijasida tushunganlarini o‘zining shaxsiy o‘y-xayollari, xislari, tashvishlari bilan solishtirib ko‘radi. Ko‘rgan-eshitganlaridan o‘zining manfaatiga, qiziqishiga, qarashlariga moslarini ayirib oladi. Ayirib olish, solishtirish vaqt o‘tgan sayin kuchayib boraveradi. O‘zini o‘zi anglash jarayonidagi muhim omil hisoblanmish bu narsa ruhshunoslar tilida o‘z qilmishiga o‘zicha baho berish, o‘zicha fikr bildirish, o‘zicha kuzatish, o‘zicha qabul qilish deb ataladi va ota-onalar, muallimlarni tashvishga soluvchi turli kelishmovchiliklarni yuzaga chiqaradi. O‘smir ongida «Ota-onam kabi, o‘qituvchilarim va boshqa kattalar singari men ham alohida shaxsman», degan fikr uyg‘onadi. Bu fikr ajib bir kashfiyot singari uni avvaliga hayron qoldiradi so‘ng yangi-yangi fikrlar oqimiga yo‘l ochadi. Go‘daklik chog‘ida hech kim o‘zini otasi yoki muallimi bilan tenglashtirmaydi. «Men ham otam kabi shaxsman», degan ishonch o‘smir ongidagi shoxsupada o‘tirgan ota-onani, muallimni pastga tushiradi. Endi o‘smir kattalarning hatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib, olam-olam kamchiliklar topa boshlaydi. Boshqalarni kuzatgani sayin o‘ziga bo‘lgan e’tibori ham kuchayadi. O‘ziga bo‘lgan e’tibor hamma vaqt ham o‘zini yaxshilashga qaratilmaydi. Mana shu nuqtada atrof muhitning tarbiya kuchi, ma’naviy boyliklardan foydalanishning qay darajada ekani muhim ahamiyat kasb etadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:51:06
Yosh bola tarbiyachining (ota-ona yoki muallimning) «bu yaxshi - bu yomon, bu mumkin - bu mumkin emas», degan gaplariga ishonadi. Bu gaplarni u haqiqat o‘rnida qabul qiladi. Tarbiyachi ham o‘zini yosh boladan ustun qo‘yib o‘rganib qoladi. U kechagi yosh bolaning bugun o‘smirlik olamiga kirganini, unda kattalar bilan tenghuquqlik da’vosi uyg‘onganini, kattalar singari endi o‘zini o‘zi erkin boshqarish istagida yonayotganini, atrofida faqat borliqni emas, balki bu borliqda o‘zini ham ko‘rayotganini, o‘zi uchun joy - o‘rin talab qilayotganini tasavvur ham etmaydi. Tasavvur etmadimi, buyruq va talab yo‘lidan voz kechmadimi, demak, u yangi shaxsning tug‘ilayotganini sezmabdi, tarbiyada xatoga yo‘l qo‘yibdi. «Bolam (yoki o‘quvchim) mening gaplarimni sariq chaqaga olmaydi», degan nolishlar aynan mana shuning oqibatidir. Bu o‘rinda sababni bolaning qaysarligidan emas, o‘zimizdan ham qidirishimiz kerak bo‘ladi. Sergak tarbiyachi o‘smirning fe’lidagi o‘zgarishlarni nazardan chetda qoldirmaydi. O‘smirning kattalar gap-so‘zlariga ehtiyotlik, ba’zan tanqidiy munosabatda bo‘lishi, o‘jarligi, arzimagan narsaga ham tez asabiylashishi, ba’zan esa qo‘pollashib qolishi tarbiyasining buzilishdan nishona emas, balki vujuddagi tabiiy o‘zgarishlarning ta’siridir. Bunaqa paytda «Tamom, bola buzila boshlabdi!» deb hukm chiqarib, darrov keskin choralar ko‘ra boshlash yaramaydi.
Biz - kattalar bolalarni kuzatib yuramiz, ularning hatti-harakatlariga baho beramiz, turli davralarda ular haqida so‘z yuritamiz. Bu sohada biz osmonda, bolalar yerda. Biz yerda ham shunday hayot davom etishini o‘ylab ko‘ramizmi? Bolalar bizni sinchiklab kuzatishlarini, tilimizdan uchgan gaplarni muhokama etishlarini, ba’zan bizning sha’nimizni himoya qilib, ba’zan esa balchiqqa bulg‘ashlarini, eng muhimi aytgan gapimiz bilan ishimizning bir-biriga mos yoki mos emasligini tahlil etib, xulosa chiqarishlarini bilamizmi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:51:28
Kim «Farzandim men haqimda mana bu, mana bu fikrda», deb aniq ayta oladi. Bir xonadonda kuzatgan edim: ota sigaretni bemalol tutatib olib, chekishga o‘rganayotgan o‘g‘liga tanbeh bergan edi. O‘zicha chekishning zarari haqida gapirgach, agar gapga kirmasa kaltaklanishi aniqligini ma’lum qilish bilan tarbiyaviy soatni yakunladi. Bola «O‘zingiz-chi?» degan savolni bergisi keladi ammo va’da qilingan kaltakka muddatidan oldin yetishib qolishidan qo‘rqib indamaydi. Indamaydi-yu, pana-panada chekishini davom ettiraveradi. Ichkilikning zarari to‘g‘risida gapirgan boboga nabira «O‘zingiz ham rosa ichgansiz-ku?»- deb ta’na qiladi. Bobo «Ha, ichganman, o‘shaning zararidan hozir ko‘p kasal bo‘laman»,- deb fatvo topadi. Biroq, o‘smirga bu gap ta’sir qilmaydi. Bu o‘rinda, avval aytganimiz shaxsiy namunani, xurmo yeyishni kamaytirgan donishmandni eslasak joiz.
Yaqinda safarda bo‘lganimda bir kishi menga xotira daftarini ko‘rsatdi. O‘n olti yoshida u ibratli bir kashfiyot qilgan ekan. Daftarning bir sahifasida ota-onasi, qarindoshlari, o‘qituvchilarning ta’rifu tavsifi, ularning o‘smir ko‘ziga ko‘ringan qusurlari, ikkinchi sahifasida esa uning o‘z ishlari, xato -kamchiliklari bayon etilgan edi. Ajabki, kattalarning xato-kamchiliklari, hatto yomonliklari o‘smirnikidan ancha ko‘p ekan. Bunday kuzatishlarini hamma ham daftarga yozavermaydi. Ammo deyarli hammada bunday tahlil mavjud. Ozmi-ko‘pmi deyarli har bir o‘smir atrofda ko‘rgan-bilganlari asosida o‘zini o‘zi tarbiyalashga ham harakat qiladi. Tashqi ta’sir bizning gapimizdan ko‘ra ko‘proq quvvatga ega bo‘ladi. Xalqda «Hamma o‘z qarichi bilan o‘lchaydi», degan naql bor. O‘smir o‘qigan, ko‘rgan, bilgan narsalarini o‘z ongi darajasida tahlil qiladi va ko‘pincha biz kutmagan voqealar sodir bo‘ladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:51:43
Aytaylik, bir kitobda o‘smir o‘limning tasvirini, hayot va o‘lim haqidagi mushohada bayonini o‘qidi. Siz bilan biz uchun bu oddiy bayon. Odamlarning, hatto eng yaqin kishilarimizning vafotiga ko‘nikkanmiz, bu masalada diydamiz qotib qolgan. Qachondir bu dunyoni tark etishimizni his qilmasak ham bilamiz. Bu dunyoda ko‘rganimizni ko‘rdik, u dunyoga rixlat qilish kattalar uchun u qadar fojea bo‘lib tuyulmas. Ammo o‘smir buni butunlay boshqacha qabul qiladi. O‘lim bayonini o‘qigach, unda «Men ham o‘lamanmi!» degan azobli fikr uyg‘onadi. Ruhiy qiynoqqa ham tushadi. Men shunday bolani kuzatgan edim. U birdaniga hamma narsaga befarq bo‘lib qolgan edi. Ko‘chada o‘rtoqlari o‘ynasalar qo‘shilmaydi, o‘rtoqlari qizlarga gap otadilar, tegajoqlik qiladilar, u esa e’tiborsiz. Uni »Hamonki hamma o‘lar ekan, odamlar nima uchun bu qadar o‘ynab-kuladilar, nima uchun mayda-chuyda narsalarni talashadilar, bir-birlari bilan urushadilar?» degan savol qiynardi. Avvallari agar biron o‘smirda bunday holat kuzatilsa, tarbiyachilarimiz «dindorlar yoshlarni u dunyo azoblari bilan qo‘rqitib, miyasini zaxarlagan», degan xulosaga kelishardi. Bu noto‘g‘ri tushuncha. O‘smirga diniy gap aytilmasa ham, biz zikr etganimizday kitobda o‘lim haqida o‘qimasa ham hayotdagi bir voqea sabab bo‘lib shunday ruhiy azobga bandi bo‘lib qolishi mumkin. Kuzating-a, otasi yoki onasi (yoki aka-opasi) vafot etgan 25-30 yoshli odam bilan o‘smirning ruhiy holati bir hilmikin? 25-30 yoshli odam otasini dafn etib kelgach, kechasi yotib uxlashi mumkin. Ammo o‘smir uxlay olmaydi. Hatto xaftalab ko‘ziga uyqu kelmaydi. Ruhiy azoblari kattalar his qila olmaydigan darajaga yetadi. Otasining vafotidan so‘ng hotirjam yashashda davom etayotgan aka-opalaridan nafratlana boshlaydi. «Agar hayotning intihosi shu bo‘lsa, bu dunyoda yashash shartmi? Men ham bir kuni uylanaman, xotinimni, bolalarimni boqaman, katta qilaman, keyin o‘laman. Go‘rga qo‘yib kelishgandan keyin ular ham chaqchaqlashib yashayverishadimi?..» O‘smir hayotning achchiq haqiqatini shu ko‘rinishda angladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:52:42
Endi u borliqda o‘ziga ajratilgan o‘rindan ham norozi. Atrofdagilar ko‘ziga xunuk ko‘rinib, ular bilan uchrashmoqlikni, gaplashmoqlikni istamaydi. Hamma narsaga loqayd qaraydi. Hatto bu dunyodan ketishni ham o‘ylab qoladi. Bunday holda o‘smirning yaqinlari uni ruhiy kasallikka chalingan, deb o‘ylaydilar. Folbinlarga yuguradilar, domlalarga borib dam soldiradilar. Agar o‘smir ularning bu harakatlarini sezsa dardu g‘azabi battar oshadi. To‘g‘ri, o‘lim voqeasi sabab bo‘lib o‘smirning ruhi parchalandi. Buni tibbiy tilda «shizofreniya» deyishadi. Lekin bu telbalik, devonalik yoki jinnilik emas. Bu dardni kimyoviy dorilar bilan davolab bo‘lmaydi. Bu dardning davosi - yaxshi munosabat, chidam. Kattalar o‘smirning barcha qiliqlariga chidashlari kerak. O‘smirning bu dardi bir necha yilga ham cho‘zilishi mumkin. Uni fojia izdan chiqardimi, kutilmagan yaxshilikning ta’siri yana asliga qaytarishi mumkin. Bu jarayonda o‘smirga dildan so‘zlasha oladigan, sirlasha oladigan mehribon suhbatdosh kerak, juda kerak.
Tanishimizning janozasiga borganimda o‘n besh yoshli qizi «Amaki, hamma o‘lib-o‘lib, oxiri dunyoda hech kim qolmaydimi? Odam bilan jonivorning nima farqi bor unda? Baribir shunday o‘lib ketaversa dunyoda yashashning nima qizig‘i bor? Meni o‘qishga majburlashadi. Baribir o‘lib ketsam, bu ozgina hayotda bilimning menga nima keragi bor?»- deb so‘rab qoldi. Bunaqa paytda biz - kattalar bolalarni deyarli bir hil gaplar bilan ovutamiz. Chunki bizning yuragimizda bola qalbini tirnayotgan dard, azob bo‘lmaydi. Dardli savolga qaytarilgan dardsiz javobdan esa o‘smir qoniqmaydi.
Tanishlarimdan biri tashvishlanib:
- Keyingi kunlarda qizim g‘alati bo‘lib qoldi. O‘ylanib o‘tiraveradi, men bilan gaplashgisi kelmaydi,-dedi.
- Biror ko‘ngilsiz voqea yuz berdimi?-deb so‘radim.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:52:53
- Yo‘q, ko‘ngilni og‘ritadigan gap-so‘z bo‘lmadi. Uch kun oldin ertalab tursam, hovlida o‘tiribdi. Bitta kitobni ko‘ksiga bosib olgan. Yig‘layapti. Qizimning ertalab turadigan odati yo‘q edi. Jin-pin chalib ketibdi shekilli, deb qo‘rqib ketdim.
- Ko‘ksiga bosgani qanday kitob ekan? Qiziqmadingizmi?
- «O‘tgan kunlar» ekan. Endi kitob o‘qishga qo‘ymayapman.
Tanishim qizimdagi o‘zgarishning sababchisi deb kitobni ayblab, qisman to‘g‘ri xulosa chiqargan. U eng asosiy sababni tushunmagan: farzandining endi yosh qizcha emasligini, qizlik olamiga kirib, fikrlay boshlaganini sezmagan.
Shu voqeadan so‘ng bir maktabda kichik tajriba o‘tkazdik. Yuqori sinf o‘quvchilaridan Kumushning taqdiriga oid erkin insho yozib berishlarini iltimos qildik. Bolalar inshoni uyda yozib kelishlari lozim edi. Kutganimizdek, o‘g‘il bolalarning sakson besh foizi insho yozmadi. Yozganlari ham darslikdan tashqariga chiqmagan. Qizlar tomonidan yozilgan inshoning qirq foizida erkin fikrlashga intilish bor edi. Mazmunli deb hisoblaganimiz ana shu insholarning yarmidan ko‘prog‘ida Kumushning taqdiriga achinish bor. Kumushning o‘limida ayrimlari Otabekni ayblashgan. Agar ikkala xotinga bir hilda munosabatda bo‘lganda Zaynab kundoshini zaxarlamas edi, degan xulosaga kelingan. Bizni ajablantirgan insholarda qizlar Kumushning o‘limiga achinmay, balki «o‘limiga o‘zi sababchi bo‘lgan, o‘zi kundoshining g‘ashiga tekkan», deb hukm chiqarishgan.
Qizlarning bu fikrlari o‘smirlarning dunyoqarashlari zamonga xos ravishda o‘zgarib turadi, deb avvalroq bayon etgan da’voimizni yana bir bor tasdiqlasa kerak. Har holda oltmishinchi yoki yetmishinchi yillaridagi maktab o‘quvchilari bu tarzda insho yozmas edilar. «Otabek va Kumush chin muhabbat egasi», degan gapdan nari o‘tmas edilar. Kumushning o‘limiga bo‘lgan turlicha qarash, fojeadan turlicha ta’sirlanish o‘smirning borliqdagi o‘z o‘rnini qanday topishini belgilovchi omillardan biri desak ham bo‘ladi. Kumush o‘zining o‘limiga o‘zi sababchi, degan qiz erta nahorda turib, kitobni bag‘riga bosib yig‘lamaydi. Atrofdagilardan nafratlanmaydi. Uning his-tuyg‘ulari, iroda kuchi bo‘lakcha. Hayotdagi adolatsizlikni ko‘rganda tushkunlikka tushmaydi. Yengib o‘tishga intiladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:53:08
O‘smirning hayotda o‘z o‘rnini topishga intilishi bilan bir ozgina tanishgach, endi o‘z joniga qasd qilgan yigitcha bilan qizning taqdiriga qaytsak bo‘lar. Bu haqda siz ham o‘ylab ko‘rgandirsiz. Aslida voqea bunday bo‘lgan: o‘smir tarbiyasi buzilgan yomon bola emas. U o‘z mahallasida emas, shaharning boshqa qismida joylashgan litseyda o‘qiydi. Har bir maktabmi, litsey yoki kollejmi, kinoxonami, shuning atrofida «zo‘r»lar in qo‘ygan bo‘lishadi. Bu zo‘rlarni balog‘atga yetmaganlar bilan shug‘ullanuvchi militsiya xodimi ham biladi. O‘tgan-ketganda «bu yerda o‘tirmalaring», deb tanbeh ham beradi. Militsiya xodimining bundan bo‘lak harakatga xuquqi yo‘q. Bekor gap sotib o‘tirganlarni olib borib qamay olmaydi. Agar ular birovni urishsa yoki tunashsagina asos bo‘ladi. O‘sha «zo‘r»lar bu jinoyatga albatta qo‘l urishlarini bilsa ham, isbot-dalilsiz biror chora ko‘ra olmaydi. Xullas, biz aytgan yigitcha o‘sha «zo‘r»larning zug‘umiga duch keladi. Ular har kuni pul talab qilishadi. Ularning odati shundayki, kim aytilgan pulni berib tursa, talabni oshiraveradilar. Pul bermagan bola kaltaklanadi. Ma’lumki, ba’zi bolalar kaltakdan qo‘rqmaydi, musht yesa ham chidab yuraveradi. Ayrimlar esa hatto chertishdan ham zirillab turishadi. Biz aytgan yigiticha shunday toifadan edi. U avvaliga ovqatlanish uchun berilgan pullar bilan qutulib yurdi. Keyin talab osha boshlagach, buvisining qutisidagi puldan ola boshladi. Bunaqa paytda ba’zi bolalar ota-onasiga voqeani aytadi. Kattalar aralashgach, masala ijobiy hal etiladi ham. Lekin dardini ichiga yutadiganlar ham oz emas. Ular o‘zlaricha chora izlashadi, lekin topa olishmaydi. O‘sha yigitcha ham otasiga aytishi mumkin edi. Lekin aytolmadi. «E, latta, shularga kuching yetmaydimi, mishig‘ingni oqizib yurovur...»- deganga o‘xshagan gap eshitishni xohlamay aytmadi. U ikki o‘t orasida qoldi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:53:20
U o‘zini o‘g‘irligi uchun, qo‘rqoqligi uchun aybladi. Tunlari uxlamay o‘sha «zo‘r»lar bilan olishib chiqdi. «Ertalab boraman, «Nima qilsang qil, o‘ldirsang o‘ldir, pul yo‘q», deyman»,- deb qaror qiladi-yu, «zo‘r»larni ko‘rgach, dami chiqqan pufak holiga tushadi. Bora-bora buvisi puli yo‘qolganini biladi. Yigitcha uning «o‘limligimga yig‘ib qo‘ygan pulim edi-ya, qaysi bemehr oldi?»- degan gaplarini eshitib qoladi-yu, o‘n azobi ming bo‘ladi. Ichga yutilgan dard uni kemira boshlaydi. «Men oluvdim, shunaqa voqea bo‘luvdi», desa - olam guliston. Ota-onasi ham, buvisi ham bir oz koyib, so‘ng unutishardi. Yo‘q, bu bizning fikrimiz. O‘smirning fikri uning g‘o‘r g‘ururi boshqacha yo‘lga undaydi. Bir necha so‘zdan iborat gapni aytishdan ko‘ra o‘limni tanlamoqlik unga oson tuyuladi. Bu nuqtada iroda zaifligi, borliqni to‘g‘ri anglay olmaganlik, fikr oqsoqligi, tahlil va noto‘g‘ri xulosa chiqarish ustunligi uchrashib o‘ziga o‘lim hukmini tanlagan. O‘sha «zo‘r»lar bilan kurashish, otasi yoki onasiga adolatsizlikni tushuntirishga urinishdan ko‘ra o‘lish unga osonroq tuyulgan. Bu o‘rinda o‘smir o‘zligini tanishda adashdi. Bolasini hamisha tergab turuvchi ota-ona esa farzandi bilan o‘zlari oralaridagi masofa uzoqlashib borayotganini sezishmadi. O‘rtada ishonchsizlik devori ko‘tarilayotganini ko‘rishmadi. Tarbiya haqida gap ketganda ayrimlar «ota-ona bolasiga do‘st bo‘lishi kerak», deydilar. Shunday suhbatda bir ayol «Men - onaman, bolamga do‘st emasman. Meni ona sifatida hurmat qilishini xohlayman»,- dedi. Ayolning bu talabini inkor etmoq qiyin. Lekin «bolaga do‘st bo‘lish» deganda asl ma’noni anglamaslik kerak. Ma’lumki, o‘smir ota-onaga ayta olmaydigan ayrim gaplarni o‘rtoqlariga aytadi, ular bilan maslahatlashadi. Ularning maslahati bilan biron yaxshi yoki yomon ishga qo‘l uradi. «Bola bilan do‘stlashish» - farzandingizga shunday yaqin bo‘ling-ki, u dardini o‘rtog‘iga emas, sizga aytsin, siz bilan maslahatlashsin, demakdir.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:53:35
O‘smirlardagi his-tuyg‘u darajasining bir-biridan farqlanishi hayotda o‘z o‘rinlarini tanlashlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. O‘zining joniga qasd qilgan yigitcha ta’sirchan, tuyg‘ulariga bandi bo‘ladigan toifadan edi. Agar u his-tuyg‘uga berilmaganida bu yo‘lni tanlamasdi. Afsuslanardi, uzr so‘rardi, vassalom. Demoqchimizki, tarbiyachi o‘smirlik olamiga o‘tayotgan yoki o‘tgan bolaning his-tuyg‘ulari bilan ham hisoblashishga majburdir.
Ikkinchi voqeaga kelsak, bu fojiada ham his-tuyg‘uning kuchi inobatga olinmagan. Bizda g‘alati bir odat bor: maktab o‘quvchisi sevib qolibdi, degan gapni eshitsak, xayolimizga darrov yomon fikr keladi. Sevibdimi - demak, buzila boshlabdi. Bizningcha, maktab yoshida sevish mumkin emas, maktab yoshida faqat o‘qish kerak, deb hisoblaymiz. Buni haqiqat o‘rnida qabul qilish - bizning nodonligimizdir. Chunki sevish-sevilishni biz belgilamaymiz, bu bizning istagimiz bilan bo‘lmaydi. Bu - tabiiy jarayon. Bola tabiat tomonidan uyg‘otildimi, bas, uni tosh qal’aga yashirib qo‘ysangiz ham ko‘ngliga sevgi oralaydi. Biz sevgiga qarshi yurmay, buning muqaddas tuyg‘u, benazir ne’mat ekanini avvalo o‘zimiz tushunib, so‘ng farzandimizga anglatishga urinishimiz kerak.
Bir maktabda shunday bo‘lmabdi. Yuqori sinfda o‘qiydigan qizga shu sinfdagi yigitcha muhabbat izhorini yozadi. Ittifoqo maktub o‘qituvchining qo‘liga tushadi-yu, olov bo‘lib yonadi. Bu muallima yuqorida zikr etganimiz - sevgini jinoyat o‘rnida qabul qiluvchi toifadan edi. U qizni turg‘izib ko‘pchilikning ichida izza qiladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:53:49
Bu ham yetmaganday «sinfdoshinglar buzuq yo‘lga kiribdi, unga tupuringlar», deb bolalarni tupurishga majbur qiladi. Qiz bu nomusga chiday olmay uyiga kelib o‘ziga o‘t qo‘yadi. Qiz bu bilan o‘zicha isyon etadi. Lekin uning bu isyonini atrofdagilar to‘g‘ri qabul qilishmaydi. Aksincha, «buzilgan ekan, sharmandalikdan qo‘rqibdi», deb xukm chiqarishadi. Agar qizning tuyg‘ulari kuchli bo‘lmaganida u dardni yig‘i bilan yengardi yoki muallima bilan gap talashib bo‘lsa-da, o‘zini himoya qilardi.
Quriyadagi jahon birinchiligida ishtirok etgan Turkiya terma jamoasida Umid Davala degan futbolchi o‘zining mahoratli o‘yini bilangina emas, sochi bilan ham ko‘pchilikning diqqatini tortgan edi. Uning sochi xuddi jo‘jaxo‘rozning tojini eslatardi. O‘smirlikda mashhur kishilardan birini yoki bir nechtasini «kumir» deb bilib, unga o‘xshashga intilish bo‘ladi. (Kumir -asli majusiylarning sanamga topinishi ma’nosini bildiradi. Hozir biror kimsaga g‘oyat ravishda ko‘ngil qo‘yib, uni joni-diliday ko‘rib, unga sajda qilish darajasida yaxshi ko‘rishi tushuniladi.) Turkiyalik bir yigitcha uchun bu futbolchi «kumir» ekan. Umid Davalaga o‘xshash havasi bilan sartaroshga borib sochini jo‘jaxo‘rozning tojiday qilib oldiribdi. Bu ishi otasiga yoqmay sochini oldirib tashlashni talab qilibdi. Ota-bola orasidagi kelishmovchilikning yakuni - bola isyon qilib, o‘zini osibdi. Bu satrlarni o‘qib «shunaqa ahmoqlar ham bo‘ladi», dersiz. To‘g‘ri, bolaning ishi ahmoqlik. Lekin, biz aqllilar uning aqlsizligi sababini nega vaqtida tushunmaymiz?
Shunga o‘xshagan voqea o‘zgacha yakun topganiga kamina guvoh bo‘lgan edi. Ota sartaroshga «o‘g‘lim kelsa sochini tag-tugi bilan olib tashlang», deb iltimos qilib ketadi. Sartarosh uning iltimosini ado etadi. O‘g‘il bundan g‘azablanadi, lekin u futbolchining ixlosmandi yo‘lini tanlamaydi. Uning isyoni bo‘lakcha - ikki o‘rtog‘i bilan kechasi kelib sartaroshxonani vayron qilib tashlaydi. Bu ishi uchun qamalgan bola bilan suhbatlashganimda u qilmishidan mutlaqo afsuslanmadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:54:07
«Sartarosh jazolanishi kerak edi, men uni jazoladim»,- dedi faxr va mamnuniyat bilan. «Bu otangning talabi bilan bo‘lgan-ku?»- degan so‘rog‘imizga: «Otam ham bundan buyon mening hayotimga o‘ylab aralashadigan bo‘ladilar»,- deb javob qaytardi.
Bular nima: O‘jarlikmi? Nodonlikmi? Ojizlikmi? Ha, o‘jarlik. Ha, nodonlik. Ha, ojizlik... Eng muhimi o‘smirning hayotda da’vo qilayotgan o‘z o‘rni uchun kurashi. Bu kurashda yengib chiqish uchun u har qanday choradan foydalanishga tayyor. Biz bu kurashning mohiyatini anglab, uni hayot-mamot jangiga aylantirmay, ba’zan chekinishimiz ham kerak. Urushda dono sarkardalar faqat xujum bilan emas, balki tadbir bilan ham yengadilar. Tarbiyada xujumni afzal biluvchilar unutmasinlarkim, bunday «jang»da farzandlar qalblaridan yaralanadilar. Yaralangan qalbga malham topa olamizmi? Bu majruh qalbni davolay olamizmi? Yaralash oson. Tuzatish-chi?
Yuqorida bayon qilganimiz o‘z-o‘zini o‘ldirish voqealarining o‘rganayotgan mavzuimizga aloqasi yo‘q, dersiz. Asti unday emas. To‘g‘ri, biz jinoyatga olib borishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni kuzatyapmiz. O‘z-o‘zini o‘ldirish esa jinoyatning ayni o‘zi. Bunday qotillikni barcha dinlar qoralaydilar. Biz- musulmonlarda janoza o‘qilmaydi, nasarolarda bular hatto qabristonga kiritilmaydi, tashqariga ko‘miladi. Sharafli hadisda rivoyat qilinishicha, g‘azotda nom chiqargan lashkarga havas qilib sahobalar: «Ey Ollohning rasuli, bu odam jannatimi?» deb so‘raganlarida payg‘ambar alayhissalom: «Do‘zaxi», deb javob bergan ekanlar. Sahobalar bu javobning ma’nisiga yetmay yurgan kunlardan birida, og‘ir jangda o‘sha jangchi yaralanibdi-da, og‘riqdan qutulish maqsadida o‘z ko‘ksiga xanjar sanchib, jon beribdi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:54:52
Islom yo‘lida jonbozlik qilganlari ham inobatga olinmay do‘zaxi qavmida ketgan ekan. Avval aytganimizdek, atrofdagilarga isyon sifatida har bir o‘smir ham o‘zini o‘zi o‘ldiravermaydi va biz ortiqcha vahima qilayotganimiz yo‘q. Maqsad - o‘smirning ruhida kechuvchi har qanday o‘zgarishga nisbatan e’tiborni tortmoqlikdir.
O‘smirning biologik tomondan tez o‘sishini aytdik. Atrof-muhitni anglashi, ya’ni ijtimoiy jihatdan kamolga yetishuvi esa bu o‘sishdan ancha ortda qolgani sababli kattalar bilan ziddiyat kelib chiqadi.
Endi tasavvur qilaylik: ota va o‘g‘il yonma yon turishibdi. Ko‘zlari bir nuqtaga qadalgan. Bu nuqtani «borliqni baholash», deb ataylik. O‘g‘il biologik va ijtimoiy yetuklik orasidagi farqni ajrata olmaydi - ota esa bu ikki yetuklikni farqlaydi. O‘smir biologik va ijtimoiy yetuklikni bir deb biladi - Ota o‘g‘lini hali kamolga yetmagan shaxs sifatida ko‘radi. O‘g‘il balog‘at yoshiga yetganini anglab, o‘zini kattalar safida ko‘rishni istaydi - ota o‘g‘ilning bu da’vosini inkor etadi.
Ayni shu nuqtada farzand va ota-ona orasida kelishmovchilik, hatto kuchli ziddiyat paydo bo‘ladi. O‘smir o‘zini kamsitilgan hisoblaydi, ko‘ngli og‘riydi. Kamsitgan odamga nisbatan, agarchi u ota yoki onasi bo‘lsa-da, nafrat uyg‘onadi. Kattalarning mehribonliklari ham yoqmay qoladi, hatto g‘ashini keltira boshlaydi. O‘zini katta, mustaqil odam ekanini isbot etish chorasini izlaydi (Sartaroshxonani vayron qilgan bolani eslaylik). Odob doirasidan uzoqlasha boshlaydi. Kattalarning illatlaridan nusha ko‘chirishga urinadi. (Chekishga yoki mayxo‘rlikka o‘rganish bunga misoldir).
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:55:04
Bu o‘rinda ota-ona munosabatining ikki hil ko‘rinishini kuzatamiz. Bir toifa bolasini hali ham go‘dak fahmlaydi va hayot yo‘llarida doimo qo‘lidan ushlab, yetaklab yurishni xohlaydi. Boshqa toifa esa «bolam endi katta bo‘lib qoldi», deb uni o‘z holiga tashlab qo‘yadi. Bizningcha, har ikkala yo‘l ham xatarlidir. Tarbiyachi olimlar orasida «Bola emas, katta ham emas», degan ibora yuradi. Mana shu narsa ham ziddiyat keltirib chiqaruvchi omildir. Biz bolamizni tergasak: «Endi yosh bola emassan, kallangni ishlat!» deb tanbeh beramiz. Boshqa holatda esa «Sen hali yosh bolasan, bunaqa ishlarga aqling yetmaydi», deb kamsitamiz. Holbuki bu davrga kelib, farzandimiz biz sezmagan darajada ma’lum oqilikka ham ega bo‘ladi.
Roviylar aytmishlar: «Podshohning o‘ng tomonida o‘z o‘g‘li, chap yonida xos xizmatkorining farzandi o‘tirishardi. Podshoh o‘g‘lidan so‘radi-ki:
-O‘g‘lim, sen bu foniy dunyoda nimalarni orzu qilursan, ko‘ngling nimalarni qo‘msaydur?
-Molu mulkim behadligi bilan shuhrat qozonmoqlikni, hamisha sharob ichmoqligu beto‘xtov shikorlarga chiqmoqlikni, ayshu-ishrat dengizidan suzmoqlikni orzu qilurman,-dedi shahzoda.
Shunda podshoh mazkur savolni xos xizmatkorning o‘g‘liga berdi.
-Davlatpanohim, men shafqatli va marhamatli, xayr-sahovatli bo‘lmoqlikni, xalqqa xizmat etmoqlikni, jamiyatga foyda yetkazmoqlikni, barchaning mehru muhabbati, olqishini olishga yetishmoqlikni orzu qilaman,-debdi xizmatkorning o‘g‘li.
Hikoyatdan muddao shulki, har ikki farzand olamni o‘z otasining yonida turib ko‘rdi va unda shunga yarasha dunyoqarashi shakllandi. Ularning aytganlari shunchaki havoga uchuvchi orzular emas. Aynan shu orzular ularning hayot yo‘llarini belgilaydi. Qobil farzand - ota-onasi uchun misli gavhar bo‘lsa, noqobil farzand ular bo‘ynini bo‘g‘ib turuvchi misli ilondir, deydilar. Uning gavhar yoki ilon bo‘lmog‘i bizning tilimizdan uchuvchi so‘zlarning ma’nisiga, bosajak qadamimizning pok yoki nopokligiga bog‘liq.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:55:32
Donolar derlarkim: «Farzand - ota-ona uchun jondir. Bordi-yu, farzand noqobil bo‘lsa - ozori jondir. Yomon farzand ota-ona uchun badandagi og‘riq barmoqdir. Kesib tashlasa og‘rir, kesmasa yana bir balodir. Farzand ota-ona ko‘zining mehrgiyosi bo‘lsa ham, noqobili xas-xashak bilan barobardir. Demishlarkim, agar farzand yomon yo‘lga kirsa, unday farzandning boridan yo‘g‘i yaxshidir. Biron a’zoni ilon chaqib olsa, o‘sha yer kesib olib tashlanmasa, odam o‘lim topadi...»
Albatta, donolar fikri anchayin qat’iy va ayovsiz ko‘rinadi. Lekin nachora? Ota yoki ona juda kamdan kam hollarda farzandidan voz kechadi. Agar ilon chaqqan yerni kesib tashlamoq fikrini bugungi kun tiliga o‘girsak - yomonlikni kasb etgan farzandning qamoqqa hukm qilinishi yoki bevaqt o‘lim topishi bo‘lib chiqar? Har nima bo‘lganda ham bundan Ollohning o‘zi asrasin!
Farzandimizning bolalikdan o‘smirlik olamiga qadam tashlashi muborak bo‘lsin. U o‘zini o‘zi anglay boshladimi, bilaylik-ki, bu ham ulug‘ ne’matdir. U ulg‘ayganini bildirmoqchimi, marhamat qilaylik, ko‘kragidan itarmay, safimizga olaylik. Farzand - talablarimizni so‘zsiz bajaruvchi qul emas. U ham fikrlovchi ongli inson. Bizning talablarimiz esa hamma vaqt ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi.

QIL KO`PRIK

 Qozonga yaqin yurma"¢

 «Mening do‘stimni bilmaysiz»"¢

 Ikki ko‘zi do‘st uchun fido"¢

 «Birinchi paxan»"¢
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:56:21
Farzandimiz o‘zligini birdaniga tanib olmaydi. Unda bir kechada «Men» tuyg‘usi tug‘ilmaydi. Borliqni tanishda faqat o‘zining fikriga asoslanmaydi. Atrof-muhit ta’sirini chetlab o‘tolmaydi. Buni biz bilamiz va o‘g‘il-qizlarimizning do‘stlari bilan ba’zan qiziqib ham qo‘yamiz. Uning do‘stlari ta’bimizga o‘tirmasa, yoki bu do‘stning ota-onasini yoqtirmasak, farzandimizni bunday do‘stdan uzoqlashtirishga urinamiz. Bunday vaziyatda biz da’voimizni isbot etolmaymiz. «U bilan o‘ynama», deb talab qilish bilan cheklanamiz. Bunday jarayonni hammamiz boshimizdan kechirganmiz. «Falonchi odobsiz, u bilan o‘ynama», deyish bizlarga ota meros.
Do‘st tanlash hayotdagi eng murakkab masalalardan biri. «Do‘st deb yurib qo‘ynimda ilon saqlagan ekanman», deb afsus chekuvchilarni ko‘p ko‘rganmiz. Do‘st masalasida bir-ikki kuymagan odam topilmasov. Shuning uchun ham farzandimizning do‘stlari bizlarni befarq qoldirmaydi. Ammo bu do‘stlarni yaxshi o‘rganmay, yaxshi bilmay turib inkor etishimiz farzandimizga yoqmaydi. Farzandimiz dadilroq bo‘lsa «Siz o‘rtog‘imni bilmaysiz», deb bahslashib, uni himoya etishi mumkin. Dardini ichiga yutadiganlari esa «Adam (yoki oyim) bilsalar-bilmasalar har narsaga aralashaveradilar», deb ezilib yuraveradi. Biz yonimizdagi do‘stimizning qandayligini bilmaganimiz holda bir-ikki marta ko‘rgan yoki eshitganimiz - farzandimizning o‘rtog‘i haqida hukm chiqarib qo‘yamiz. Biz aroqxo‘rning o‘g‘lini yoki ko‘chada pista sotib o‘tiruvchining qizini farzandimiz bilan do‘stlashishini istamaymiz. Agar hokimning o‘g‘li bilan do‘stlashsa quvonchdan boshimiz osmonga yetadi. Chin do‘stlik bilan manfaat do‘stlikni o‘zimiz farqlamay turib, farzandimizni shu do‘stlik sari undaymiz. Agar farzandimiz hokimning o‘g‘lini boshlab kelsa uni eng aziz mehmonday kutib olamiz. Soyasiga ko‘rpacha solamiz. Hokim ishdan ketgandan keyin kelgan o‘g‘ilni esa ensamiz qotibroq qarshilaymiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:56:35
Farzandimizning undan uzoqlashishini xohlab qolamiz. Bu haqiqatni farzandlarimiz ko‘rib, fahmlab turishadi. Siz buni inkor etmassiz? Albatta, farzandimiz atrofida yomonlar bo‘lishi ham mumkin. Balki ularning yomonliklari farzandimizga yaxshi bo‘lib ko‘rinar, ehtimol undan qo‘rqqani uchun yaqin yurishga majburdir. Biz buni ham hisobga olishimiz shart. Biz ko‘proq «Qozonga yaqin yurma - qorasi yuqadi, yomonga yaqin yurma - yomonligi yuqadi», maqolini amalga oshirish payidamiz. Lekin «Har kim aybsiz do‘st qidirsa - do‘sti kamayib qoladi, do‘stlarini ranjitaversa - dushmani ko‘payadi», hikmatini ham unutmaslik kerak. Siz, muhtaram tarbiyachi, o‘g‘lingiz yoki qizingiz yoki ikkovini yoningizga olib qanday odamlar bilan do‘stlashmoq mumkinu qandaylardan narida yurmoq afzal, degan mavzuda hech suhbatlashganmisiz? Suhbatlashgan bo‘lsangiz nimalar degansiz? Agar suhbatlashmagan bo‘lsangizu farzandingiz «ada (yoki aya) do‘st tanlashimda menga maslahat bering?» deyishsa javobga tayyormisiz? Siz hozir shu savolni o‘ylab turing, mazkur bobning nihoyasida bu masalaga qaytamiz. Hozir esa diqqatingizga bir hikoyatni havola etamiz:
Ko‘chada ketayotgan otliq qariya bolalarning o‘yiniga razm solibdi. Aniqrog‘i o‘yinga emas, bolalarning hatti-harakatlariga e’tibor qilibdi. Bolalardan biri qariyani ko‘rib o‘zini chetga olibdi-da, qo‘l qovushtirib salom beribdi. Boshqalar qariyaga qarab qo‘yishibdi-yu, o‘yinlarini davom ettirishibdi. Shunda qariya ular yonidan o‘tayotib uzugini tashlabdi-da: «Kim uzugimni olib uzatsa, suyunchi beraman»,- debdi. Bolalar talashib-tortishishibdi. Chaqqonrog‘i uzukni ko‘tarib uzatibdi-da, suyunchidan umidvor bo‘libdi. Qariya yonini kavlagan bo‘lib «Attang, hamyonim uyda qolibdi, suyunchini keyingi safar olasan», debdi. Shunda go‘yo uzukni taqaman deb yana tushirib yuboribdi. Suyunchidan umidini uzgan bolalar endi egilishmabdi. Salom bergan bola esa uzukni olib, changini artib, qariyaga tavoze bilan uzatibdi...
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:56:47
Bu bayonni o‘qigan har bir odam bolasining shunday baodob bo‘lishini istaydi. Yoki farzandining do‘stlari shu bola kabi bo‘lishini orzu qiladi. Lekin...
Ko‘chada bolalarning o‘yinini hammamiz ko‘rganmiz, ammo ko‘pincha e’tiborsiz o‘tib ketishga odatlanganmiz. Keling, endi tasavvurimizda bo‘lsa ham ularning o‘yinini sinchiklab kuzataylik:
Ko‘chada yoki maydonchada bolalar o‘ynashyapti. Yoshlari bir hil emas. Yosh bolalar ham, o‘smirlar ham bor. Bir uydan Ali ismli bola chiqib keladi. O‘yindagilar uni quvnab qarshi olishadi. Bir ozdan keyin boshqa uydan Vali chiqib keladi. O‘yindagilar unga e’tibor ham berishmaydi. U bolalarga yaqinlashadi. Valini «nari tur», deyishmaydi. Chunki Vali asli yomon bola emas. Lekin ayni choqda bolalar uchun uning paydo bo‘lishidan ko‘ra o‘yin qiziqroq. Xo‘sh, bu ikki bolaga nisbatan bo‘lgan munosabatning siri nimada?
Siz, muhtaram tarbiyachi, o‘z farzandingizga nisbatan ko‘chadagi yoki maktabdagi tengdoshlarining munosabati bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz? Bolalar sizning o‘g‘il yoki qizingizga Alini quvonib kutganday peshvoz chiqishadimi yo Valini qarshilaganday e’tiborsiz bo‘lishadimi? Ehtimol uni o‘yinga qo‘shgilari kelmas, ehtimol undan bezib qolgandirlar. Balki u bolalarning ota-onalari ham sizning farzandingizni yoqtirishmas. Siz «Ali bilan o‘ynama, u yomon bola», deganingiz kabi ular ham «Vali bilan o‘ynama», deb tayinlashgandir? Agar birov sizdan «O‘g‘lingizning do‘stlarini taniysizmi?»- deb so‘rasa, javobga qiynalmaysiz. «Ha, bittasi Boltavoy, yana bittasi Teshavoy»,- deysiz. Sizningcha shu tanishlikning o‘zi kifoya. Hafsala qilsangiz uning ota-onasi bilan qiziqarsiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:57:03
Qiziqqanda ham birinchi galda ularning qaerda ishlashi siz uchun muhim bo‘ladi. Agar yana hafsala qilsangiz o‘g‘lingizdan «o‘rtog‘ing yaxshi o‘qiydimi?»- deb so‘rab qo‘yarsiz. Siz «o‘g‘lim nima uchun Ali bilan emas, Boltavoy bilan do‘stlashib yuribdi? Boltavoyning qanday fazilati o‘g‘limga yoqib qolibdiykin?»- deb o‘ylaysizmi? Bu do‘stlik farzandingizga nima beradi? Aqlini boyitadimi? Yoki aksimi? Do‘stlikka intilish kim tomonidan boshlangan - Boltavoy tomonidanmi yoki farzandingizdami? Ular bog‘lab turgan narsa chirigan ipmi yoki puxta zanjirmi? Uning nomi nima - adolat, mehr-oqibatmi yoki xudbinlikmi?
Tan olaveraylik, bu narsalarni hammamiz ham o‘ylayvermaymiz. Aytaylik, farzandingiz keyingi kunlarda g‘amgin bo‘lib qoldi. Birovga qo‘shilgisi kelmaydi, gaplashishni istamaydi. Savolga qo‘rs javob beradi. Siz buni sezasiz va navbatdagi tarbiyaviy soatlarni boshlaysiz. Avvalroq aytganimizday, tarbiyangiz nasihat o‘qishdan iborat bo‘ladi. Nasihatlar kor qilmagach, jazolashga o‘tasiz. «Farzandingiz xasrat o‘tida kuyyapti, ruhi azob chekyapti, desak, «yosh bolada xasrat nima qiladi, ruhiy azobni tushunadimi?!» deb bizni jerkib berarsiz balki. Farzandingizga bir qarang-chi, u endi yosh bola emasdir, o‘smirdir? Oq bilan qorani ajrata boshlagandir? Bu yoshda bolada siz bilan biz kutmagan kuchli xasrat to‘lqini aynan do‘st masalasida bosh ko‘taradi. Do‘stlar davrasiga qo‘shila olmasligi u uchun og‘ir musibatdir.
Boshlang‘ich sinflarda bolaning o‘qituvchisi asosan bitta bo‘ladi. So‘ng muallimlar ko‘paya boradi. Bu degani hayotga, xususan do‘stlikka bo‘lgan qarashlar turi ham oshadi. Boshlang‘ich sinfdagi do‘stlik talablari bilan o‘smirlikdagi talablar ham boshqa-boshqa. Bola kichikligida kattalar unga ko‘pam e’tibor beraverishmaydi. O‘smirlik oylari boshlandimi, nasihat qiluvchilar ko‘payib qoladi. Ota-ona uyga kelgan mehmondan «Jiyaningizga nasihat qiling, yaxshi o‘qisin, qo‘rs bo‘lmasin»,- deb iltimos qiladilar. Ayrim mehmonlar «Men bolangizning fe’l-atvorini, nimalarga qiziqishini bilmayman, mening nasihatim o‘rinli bo‘larmikin»,- deb o‘tirmay, mezbonning lutfidan ilhomlanib ketib, gapni boshlab yuboradilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:57:33
Bog‘cha bolalarining o‘zaro o‘yinlarida ayrim qizlar xuddi murabbiyalari kabi boshqalarni tergaydilar. Bog‘cha opalari qanday baqirsalar, qanday urishsalar bular ham aynan qaytaradilar. Bola ulg‘aygani sayin bu munosabat murakkablashib boraveradi. O‘smirning vaqti endi ko‘proq ota-onasi bilan emas, o‘rtoqlari bilan o‘tadi. (Siz ham bir chamalab ko‘ring, farzandingiz kunda umumiy hisobda necha soat siz bilan birga bo‘larkin?) Shuning uchun ham ba’zan sizga o‘z o‘rtog‘iga qilgan muomalalarini qaytaradi. Siz esa «Men sening o‘rtog‘ingmanmi?»- deb g‘adablaysiz.
Bir ayol qo‘shnisiga aytyapti:
-Maydonchada o‘ynayotgan bolalar orasida Boltavoyingizni ko‘rdim. Naq generalning o‘zi-ya! Hammaga buyruq beradi: «Sen u yoqqa o‘t, sen chiqib tur»... Bola bechoralar ham indamay quloq solishadi.
-Mening Boltavoyim-a?-deb ajablanyapti ona.- Adashayotgandirsiz. Mening bolam mo‘min-qobil. Uyda churq degan ovozi chiqmaydi. Birovga buyruq beradiganlardanmas u.
Ona o‘g‘lining boshqalarga buyruq berishini tasavvuriga sig‘dirolmadi. Lekin uydagi ahvolni ham tahlil qilib ko‘rmadi. Bu uyda hamma: bobo ham buvi ham, ota-ona, aka-opalar ham Boltavoyga buyruq berishadi. U uyidagilarga itoat etgani holda o‘zi ham boshqalarga buyruq berishni o‘rganardi.
Boshqa bir xonadonda o‘zgacharoq holatni kuzatamiz. Qizchani uyda hamma erkalatadi. Uning aytgani - aytgan, degani - degan. Xohlagan narsasi muhayyo. Uni buvisi «Xonzodaxon», deb alqaydi. Oilada naq malika maqomidagi Xonzoda maktabda butunlay boshqa - quyiroq martabada. Taltaymaydi, boshqalarga xukmini o‘tkazmaydi, aksincha, o‘zidan yoshi kattaroq va e’tiborliroq qizlarga bo‘ysunadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:57:47
Bu o‘rinda o‘zaro munosabatlarning ikki hil tizimini kuzatamiz: birinchisi - «o‘smir -kattalar», ikkinchisi - «O‘smir -o‘smir». Bularning har ikkisi bola uchun ikki olam. Birida u tobe, kuzatadi, o‘rganadi, ma’qulini tanlaydi. Ikkinchisida o‘rganganini tadbiq etishga urinadi. Shu bois o‘smirning tengdoshlariga munosabati kattalarning e’tiboridan chetda qolmasligi kerak. Bu shunchaki o‘zaro munosabat emas, oddiy harakatlar zamirida ham jismoniy ham ruhiy-ma’naviy kurash mavjud. Bola tengqurlari bilan bo‘lgan bu g‘oyibona olishuvda o‘zining nimalarga qodir ekanini anglab boradi. Bu jarayon unga qiziqarli tuyulib, g‘ayrati oshib borishi ham mumkin. Yoki aksincha, tengqurlari orasida o‘zi xohlagan maqomga erisholmasligiga ko‘zi yetsa tushkunlikka tushadi, odamovilikni kasb qiladi. O‘rtoqlarining ta’sirida farzandingiz birdaniga o‘zgarib qolishi mumkin. Siz tarbiya sohasida eplolmagan ishni o‘rtoqlari amalga oshirib bersa ajablanib yurasiz. Siz o‘g‘lingizning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishini, sog‘lom, baquvvat o‘sishini istaysiz. Lekin tanbal va erinchoq bolangiz so‘zingizga kirmaydi. O‘zingizcha kuyib yurganingizda bir kuni ertalab qaraysiz-ki, u barvaqt o‘rnidan turadi, ko‘chaga chiqib yuguradi. Siz ajablanasiz, sababini aniqlamoqchi bo‘lasiz.
Do‘stlarning ta’sirida bola yaxshi tomonga o‘zgargani kabi yomon tomonga ham burilishi hech gap emas. O‘sha ertalabki badantarbiyadan maqsad faqat chiniqish emas, balki yomon maqsadlarga tayyorgarlik bo‘lishini siz u damda tasavvur qila olmaysiz.
Ota-ona do‘stga nisbatan to‘g‘ri tanbeh bersa ham farzand buni o‘z vaqtida qabul qila olmaydi. Fozillardan birining aytmish so‘zlari diqqatga molik:
«O‘smirlik choqlarim bir yigitcha bilan do‘st edim. U hushchaqchaqligi bilan meni o‘ziga rom qilgan edi. U bilan yurganimda sira zerikmas edim. Lekin u o‘rni kelib qolsa o‘g‘irlik qilishdan qaytmasdi. Men buni bilardim va uni bu yo‘ldan qaytarish uchun ko‘p nasihat qilardim. Otam ham do‘stimning illatini sezganlar shekilli, menga bir necha marta:
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:58:00
«O‘g‘lim, bu oshnangdan yaxshilik chiqmaydi, do‘stlik aloqangni uz», deb tanbeh berdilar. Biroq, men o‘z bilganimdan qolmadim. Bir kuni ko‘chada ketayotgan edik. Do‘stim bir sakrab begona bog‘ning devoridan oshdi. Bog‘ egasining iti hurib qoldi. Xizmatkorlar ko‘rindi. Men ham o‘rtog‘imga qo‘shilib qochdim. Dalada cho‘ponlarning itiga ro‘para keldik. Xullas, bizni o‘g‘ri gumon qilib ushlagan cho‘ponlarga kimligimizni bildirib, arang qutuldik. «Bo‘lma nojins bilan oshno, bo‘l o‘zingga ehtiyot», deganlariday men otamning nasihatiga amal qildim va u bilan do‘stlik aloqamni uzdim...»
Bir yigitcha yoki qiz o‘g‘lingizni yoki qizingizni chaqirib keldi. Siz uni yaxshi tanimaysiz, lekin tashqi ko‘rinishi sizga yoqmadi. Siz farzandingizga xavf soluvchi ko‘cha ta’sirdan havotirda bo‘lganingiz sababli uni ehtiyotlash maqsadida «o‘g‘lim (yoki qizim) uyda yo‘q», deb yuborasiz. Buni farzandingiz eshitib turadi va sizdan ranjiydi. Bu ranjish oshkora ravishda bo‘lishi mumkin: bolangizning «Nega unday qildingiz?»- degan tanbehiga siz «Har xil qalang‘i-qasang‘i chaqirib kelsa chiqib ketaverasanmi?»- deb qo‘pollik bilan javob qaytarganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz. Shunda farzandingiz dardini ichiga yutar yoki yana gap qaytarar: «Siz uning kimligini bilmaysiz, u yaxshi bola!» Shunda siz donolik qilarsiz: «Men odamning basharasiga qarab kimligini darrov bilaman. Yaramasligini afti-angori aytib turibdi. Bunaqalarga yaqin yurma...» Shunday hollarda o‘zaro qo‘rslik ancha davom etishi mumkin. Yoki bolangiz siz bilan gap talashib o‘tirmay shart uydan chiqib, o‘rtog‘iga yetib olishi, undan uzr so‘rashi ham ehtimol. Agar sizni o‘rtog‘iga yomon ko‘rsatgisi kelmasa «Uxlab yotuvdim, onam (yoki otam) uydaligimni bilmabdilar»,- deb yolg‘on vositasida himoya qiladi. Demak, siz to‘qigan yolg‘on ikkinchi yolg‘onni tug‘dirdi. Sizning yolg‘oningizda g‘araz mavjud.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:58:26
Farzandingiznikida esa himmat borga o‘xshaydi. Aslida esa uning yolg‘oni zamirida «Men sen o‘ylaganday yomon odamlarning bolasi emasman», degan haqiqat yotadi. Sizning yolg‘oningiz bolangizni sergaklantirib qo‘yadi. Agar o‘rtog‘i «ertaga uyingga kirib chaqirib o‘taman, futbolga birga boramiz»,- desa uning yuragi bir titraydi-da: «Uyimga kelib ovora bo‘lma, falon yerda uchrasha qolamiz»,- deydi. «Onamning (yoki otamning) yomon odatlari bor, uyimga kelsang meni «yo‘q», deb yuboradilar»,- deb haqiqatni ayta olmaydi. Bu o‘tkinchi narsalar emas, balki ota-ona bilan farzand orasidagi ziddiyatlarning tobora avjga chiqa borishidir. Bu xuddi yer ostida kuch to‘playotgan vulqonga o‘xshaydi. Xamonki, vulqon kuch to‘plar ekan, bir kunmas bir kun portlaydi. Farzandingizning portlashi qanday bo‘larkin? Sizga qarab baqirib beradimi yo uydan chiqib ketadimi? Uchinchi yo‘ldan Xudoning o‘zi asrasin...
«Hadeb bolangning ko‘ngliga qarayverma», degan o‘gitni hammamiz bilamiz va hammamiz bu nasihatga amal qilmaymiz. Ayniqsa puldorlar bu o‘gitni eshitgilari ham kelmaydi. Agar tanbeh bersangiz, «Men shu narsalarni ko‘rmay o‘sdim, bolam ko‘rsin»,- deb o‘zlarini oqlashadi. Bolani g‘oyat taltaytirish, g‘oyat yaxshi kiyintirish, boshqalardan ajratgan holda o‘stirishning halokatli jihatlarini bizdan avvalgi tarbiyachilar ko‘p ta’kidlashgan. Xudo xohlasa, bizdan keyin ham qayta-qayta gapiriladi. Biz bolalar va o‘smirlarni tarbiyalashdagi mashaqqatlarni yozib o‘tiribmiz. Bolaga nisbatan ota-onani tarbiyalashning g‘oyat og‘ir ekanini aytmasak ham bo‘lar. Bolaga haddan tashqari oro bermoqlik uni xudbinlik, kibr to‘rlariga o‘rabgina qolmay do‘st tanlashda ham adashtiradi. Uning atrofida chin o‘rtoqlar emas, manfaat do‘stlari to‘plana boshlaydilar. Bunday bola ulg‘ayganida chinakam do‘st topolmay qiynaladi. Do‘st niqobidagi munofiq va xoinlardan aziyat chekadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:58:40
Kaminaga bir odam otasining donoligi xususida so‘zlab bergan edi. U kishining otasi savdo xodimi bo‘lgan ekan. Otasining puldorligini bilgan yigitcha erkaliklar qilib turarkan. Bir kuni u «Ota, menga magnitofon olib bering», deb xarxasha qilibdi. Otasi:
-Magnitofon olib bersam, o‘rtog‘ing Eshmatga ham berib turasanmi?-deb so‘rabdi.
-Nega berarkanman, bermayman, o‘zining otasi olib bersin,-debdi yigitcha.
-Shunday xayoling borligi uchun ham olib bermayman-da. Eshmatning otasi ro‘zg‘orini zo‘rg‘a tebratadi, o‘g‘liga magnitofon olib berolmaydi. Men senga olib bersam, o‘rtog‘ingning ko‘ngli og‘riydi. Sen qizg‘anib, bermasang, oralaringdagi o‘rtoqchilik uziladi. Yaxshisi tomorqada ikkoving dehqonchilik qillaring, yetmaganini men qo‘shaman,- ota shunday deb, dehqonchilikka ham o‘zi boshchilik qilibdi.
Ota bir o‘q bilan ikki, balki uch quyonni urdi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Avvalo ikki yigitchaning do‘stligini saqlabgina qolmay, ularni mehnat orqali yanada yaqinlashtirdi. Yaxshi ko‘rilgan narsaga mehnat tufayli yetishmoq afzalligini amalda isbot etdi. U kishi ota maqomidan o‘sib, farzandi va uning o‘rtog‘i uchun do‘st martabasiga chiqdi. O‘smir yoshidagi qizmi-o‘g‘ilmi, avval aytganimizday, aynan shunday do‘stga muhtoj bo‘ladi. Biz ba’zan farzandimizdan ranjisak: «Men sening o‘rtog‘ingmanmi!»- deb jerkib beramiz. Ozgina fikr qilib ko‘raylik: ehtimol farzandimizga chin do‘st bo‘lganimiz ma’qulroqdir? (Avvalgi bobda ham bu xususda qisqa tarzda bo‘lsa-da, so‘z yuritib edik, yodingizdadir?)
Bir qadrdonimiz ko‘pchilikni o‘ylatishi mumkin bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi: qadrdonimiz katta o‘g‘linikiga borganida qirq yoshli o‘g‘li bilan o‘n to‘qqiz yoshli nabirasining o‘zaro bahslariga guvoh bo‘libdi. Nabirasining fikrlari unga ma’qul kelsa-da, bahsga aralashib, o‘g‘liga tanbeh berishni lozim topmabdi. Bahs nihoyasiga yetib, nabira chiqib ketgach, o‘g‘liga qarab: «avvalo, sen nohaqsan, bolangning fikrlari to‘g‘ri, hamonki bahslashishga o‘rin berdingmi, mag‘lubiyatingni ham tan olishga majbursan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:59:01
Bolang bilan bahslashmasang yanada yaxshi»,- debdi. O‘g‘il bu tanbehga javoban kulimsirab: «Ada, xuddi shu masalada siz bilan men ikki xil yo‘ldamiz. Men nevarangizga faqat ota emasman, u bilan do‘stman. Biz ko‘p bahslashamiz. Men unga to‘la fikr erkinligini berganman. Bolaligimizni eslab ko‘ring: siz bizdan faqat talab qilardingiz, muomalangizda ko‘pincha do‘q-po‘pisa ohangi bo‘lardi. Sizdan qo‘rqishimizni istardingiz. «Dars tayyorladingmi?» «Aytib ketgan ishimni bajarib qo‘ydingmi?» Siz bilan gaplashadigan gapimiz faqat shu edi. «O‘g‘lim, hayot so‘qmoqlari juda notekis bo‘ladi, ehtiyot bo‘lib yur, qoqilib ketma», deganingizni eslaysizmi? Eslolmaysiz. Men o‘g‘limni hayot haqiqatlarini bilib o‘sishini istaganim uchun shunaqa bahslarga chorlab turaman. Siz to‘g‘ri aytdingiz - nevarangiz haq edi. Men atayin noto‘g‘ri fikrimda qattiq turdim. Axir hayotda oqni qora deb qaysarlik qilib turadiganlar oz emas-ku?»- debdi. Qadrdonimiz o‘ylab qarasa - o‘g‘li haq ekan. Achchiq haqiqat oldida lol qolibdi.
Biz ham o‘ylab ko‘raylik-chi, farzandlarimiz iqboli yo‘lida ehtimol ozroq bo‘lsa-da chekinishimizga to‘g‘ri kelar? Endi yana mavzuga qaytsak:
Ali bolalikdan mo‘min bo‘lib o‘sdi. Xarxashalari kam edi. Bog‘chaga borishda ham dod solmasdi. Rasmli kitoblarni varaqlab o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Maktabga borgach, tengqurlariga qaraganda yaxshi o‘qidi. Ota-ona muallimlardan faqat rahmat eshitishardi. Sal ulg‘aygach, texnikaga qiziqdi. Radio-televizor tuzatishni o‘rganib oldi. Otasi yordamida avtomobil sirlarini ham o‘rgana boshladi. Uning xotirasi o‘tkir edi, dars tayyorlashga qiynalmasdi. Texnikaga oid chizmalarni ham tez o‘rganardi. Ammo u ko‘chaga kam chiqardi. Tengdoshlari bilan kam o‘ynardi. Bolalar ham Alini saflariga chorlashmasdi. Ota-ona bundan avvaliga quvonishdi, «ko‘chadagi yomonlarga qo‘shilmagani durust», deb hisoblashdi. Ammo keyinroq o‘ylab qarab, xavotirga tushishdi. O‘g‘illari o‘smir yoshiga yetibdi-yu, bitta do‘st orttirmabdi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:59:15
Biron bola ularning eshigini taqillatib: «Ali, yur, o‘ynaysanmi?» deb kelmabdi. Sayrgami, kinogami, futbolgami... taklif qilib, chaqirishmabdi. Oqibat bolaning yolg‘izlanib qolishidan cho‘chigan ota-ona maktabga borishib, muallimlar bilan maslahatlashishdi. Turli yo‘llarni mulohaza qilishdi. Nihoyat, maktabda radiohavaskorlar to‘garagini ochib, unga Alini rahbar etib tayinlaydigan bo‘lishdi. Bu taklif Aliga ham, boshqa bolalarga ham ma’qul keldi. Ali avval o‘rtoqlari bilan yaqin emasligidan qayg‘urmasdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, uning o‘z osmoni mavjud edi va bu osmonida yolg‘iz suzib yurish unga rohat baxsh etardi. Radioto‘garak bahonasida u o‘zi yaratgan osmonidan «pastga tushdi», tengqurlari bilan yaqinlashdi. O‘zini qayta kashf etdi. Avvalgi yolg‘izlik asosiga qurilgan hayoti endi zerikarli tuyula boshladi. O‘smirda jonlanish sezildi.
Valining hayoti avvaliga Aliga o‘xshardi. U ham yaxshi o‘qirdi, vaqtini ko‘proq uyda o‘tkazardi. Otasi ishdan bo‘sh vaqtida rasm chizishni yaxshi ko‘rardi. U choyxonada yoki boshqa maishatlarda vaqt o‘tkazadiganlar toifasidan emasdi. Valining ko‘proq uyda bo‘lishidan quvonib, «o‘g‘lim o‘zimga o‘xshadi», derdi. U o‘g‘lining uyda bo‘lishidan quvonardi-yu, biroq, farzandining qiziqishlariga befarq qarardi. O‘g‘lining o‘rtoqlari yo‘qligini bu ota fahmlamadi. Maktabga bormadi. Maktab muallimlari odatda bevosh bolalarning ota-onalarini yo‘qlab turishadi. Yaxshi o‘qiydigan, to‘palon qilmaydiganlarning ota-onalarini chaqirishmaydi. Ular ham o‘zlaricha «bolamning maktabdagi ahvoli qanday ekan?» deb qiziqib kelishmaydi. Vali uyda ota-onasi bilan birga bo‘lsa-da, o‘zini yolg‘iz sezadi. Maktabda ham, ko‘chada ham bolalar bilan til topisha olmaydi. Oqibat u siqila boshlaydi. Bolalarning e’tiborini o‘ziga tortishni istaydi. Afsuski, boshqalarning e’tiborini tortishga arzigulik alohida qobiliyat unda yo‘q edi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 20:59:27
Unga yo‘l ko‘rsatuvchi ham bo‘lmadi. U o‘zi yo‘l topishga urindi. O‘rtoqlari qatnaydigan to‘garaklarga uncha qiziqmasa ham boraverdi. Asta-sekin undagi befarqlik qiziqishga aylana bordi. Shunday bo‘ldi-ki, to‘garaklardagi mashg‘ulotlar uning uchun asosiy bo‘lib qoldi. Hatto o‘qishda pastlashish sezildi. Uyda kam o‘tiradigan bo‘ldi. Ana shunda uning ota-onasi maktabga chorlandi. Validagi o‘zgarishdan ota-ona ham, muallimlar ham hayron. Vali uyda qaysar, gap qaytaradi. Maktabda esa odobli. O‘qituvchining gaplarini diqqat bilan tinglagani holda, uyda dars tayyorlamay qo‘ygan. Bu qanday hol?
Valining ota-onasi Xudoga shukur qilsa ham bo‘ladi. Farzandlari uyda o‘ziga nisbatan e’tibor topa olmagach, ko‘chada «zo‘r»lar to‘dasini tanlashi ham mumkin edi. Endi uning maktabda boshqa, uyda boshqa odobga rioya qilishiga kelsak, har qanday bola kabi Vali uchun ham ko‘pchilik orasida, ayniqsa qizlar huzurida kattalardan tanbeh eshitish og‘ir. Kattalarning gapi jamoa fikriga aylanib qolish xavfi mavjud. Shu sababli bolalar, ayniqsa o‘smir yoshida jamoadagi kattalar bilan ziddiyatga bormaslikka harakat qiladilar. Uyda zimmalarida bunday mas’uliyat yo‘qligi uchun o‘zlarini erkin tutadilar.

Dilobarning hayoti Alinikiga ham, Valinikiga ham o‘xshamaydi. Qizcha bog‘cha yoshidanoq atrofidagilar bilan tezgina til topishish fazilatiga ega bo‘lgan. Maktabda esa sinfdagilarning jonu dili edi. Qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham unga intilishgan. Dilobar «sen qora, sen puchuq», deb bolalarni xillarga ajratmagan, barcha bilan teng do‘stlashgan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:01:30
Sinfdoshlari o‘zlariga xos bo‘lgan sirlarini unga aytib, maslahatlar so‘rashgan. Dilobarning uyi hamisha o‘rtoqlari bilan gavjum bo‘lgan. Chunki uning onasi bolalarga mehrini ayamagan. Shunga qaramay, o‘smirlik olamiga o‘tayotgan qizning muomalasida, do‘stlarga nisbatan munosabatida o‘zgarish sezilgan. Endi atrofidagi bolalarni u faqat sinfdosh sifatida qabul qilmaydi, qiz uchun ularning fazilatu illatlari muhim bo‘lib qoladi. Dilobar dugonalarini zimdan kuzatadi. Ularning avval sezilmagan illatlarini endi biladi. «Gulchehra yaxshi qiz, lekin jahli burnining uchida turadi, arzimagan narsaga darrov ranjiydi. Arazchi bilan hech kimning do‘stlashgisi kelmaydi. Mohira yaxshi qiz. Lekin... men undan hech qanday sirimni yashirmayman. U negadir men bilan ochiq gaplashgisi kelmaydi...» Qizning sezgir nigohi adolatsizlikni, g‘ururning poymol bo‘lishini chetlab o‘tolmaydi. «Murod o‘zidan zo‘rroq bolalarning malayiga aylanib qolibdi. Nahotki o‘g‘il bola bo‘la turib shunaqa past ketsa?!» Dilobarning o‘g‘il bolalar bilan bo‘lgan munosabati bir oz og‘irlashdi. Yo‘q, u o‘zini chetga tortmadi. Faqat uning muomalasida bo‘yi yetgan qizga xos ibo va g‘urur mavjud edi. Sinfdosh o‘g‘il bolalar qizlardagi bunday o‘zgarishni darrov fahmlamaydilar. Chunki ular bu olamga qizlardan sal kechroq kirib keladilar. Mana shu tafovut ular orasidagi o‘zaro munosabatga salbiy ta’sirini o‘tkazadi.
Dilobar atrofidagilarga o‘zgacha talab bilan qaray boshladi. Ayniqsa tengqurlarining fe’l-atvorlarini, aql-farosat darajalarini nazardan qochirmaydigan bo‘ldi. Tengqurlarining yaxshi-yomon odatlarini o‘zicha tahlil qildi. Atrofidagilar orasidan fikrdosh, sirdosh izlay boshladi.
Dilobarning bu o‘zgarishi oilada ham sezildi va u o‘zini kattalar safida ko‘rdi. Onasi qizining kattalar sari intilishini fahmlab, unga peshvoz chiqdi, «sen hali yoshsan», demadi, farzandining ishonchini qozondi, uning sirdoshiga aylandi. Dilobarning mustaqil fikrlashga intilishi, biron masalani mustaqil hal etishga urinishiga monelik qilmadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:01:57
Toshtemir birinchi sinfdanoq yaxshi o‘qidi. Odobli bo‘ldi. Kattalar chizgan chiziqdan chiqmadi. Har bir majlisda maqtaladi, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatiladi. Bolalar bilan birga bo‘lgan Toshtemirning chin o‘rtog‘i yo‘q edi. Hadeb boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatilishi bolalar bilan uning o‘rtasiga g‘ov bo‘lib tushgandi. Bu g‘ovni bilibmi bilmaymi kattalar tiklashgan edi. Boshlang‘ich sinflarda Toshtemir bunga unchalik e’tibor bermasdi. Bolalik olamidan xayrlashgan kezlari bu g‘ovning azoblarini his qila boshladi. U tengqurlari orasida yolg‘iz yashay olmasligini angladi. Ana shunda «Nega men boshqachaman, nega boshqalar kabi emasman, nega men boshqalarga o‘rnak bo‘lishim shart, nega men boshqalardan o‘rnak olmasligim kerak?» degan muammoga o‘zicha javob izladi. Topdi ham: «Boshqalar qanday bo‘lishsa men ham shundayman!» U endi shunday yashashga intildi: darsda gaplashib o‘tiradi, ba’zi darslarga umuman kirmaydi. A’lochi bolaning davomati sezilarli ravishda pasaydi. Hatto so‘kishni odat qildi. Sinfdosh qizlarning tanbehiga esa «Nima, mening boshqalardan kam yerim bormi?»- deb javob qaytardi. U oyoq-qo‘llarini bog‘lab turgan «boshqalarga o‘rnak bo‘lish» zanjiridan shu tahlitda qutilib, o‘zini erkin sezdi. Yanada to‘g‘riroq ifoda etsak, bevoshlik shamolida boshi aylandi. Dastlabki kunlarda intizomning buzishlaridan, kattalarning noroziliklaridan o‘zi ham lazzatlandi. Buni u ulg‘ayish, kattalar safidan o‘rin olish deb bildi: «Nima, men yosh bolamanmi, kim nima desa «xo‘p», deyaveramanmi?». Ammo bevoshlik shamoli uning boshini ko‘p aylantirmadi. Vaqt o‘tib, endi u o‘zining hatti-harakatiga razm solish barobarinda o‘rtoqlariga nima yoqishi-yu, nima yoqmasligini, kattalar olami bilan tengdoshlari olami orasidagi farqni fahm eta bordi. Garchi kattalar olami o‘ziga maxliyo etsa-da, unda hukm suruvchi qoida: «Sen kichkina - men katta», bezdirib, o‘rtoqlari davrasiga oshiqardi. Bu olamdagi «Teng - tengi bilan» qoidasi uni ko‘proq qoniqtirardi. Har bir o‘smir o‘zi uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan tenglik, bir-birlariga sadoqat, birdamlik, hamjihatlik ruhini kattalar orasidan emas, o‘z olamidan topadi. To‘g‘ri, biz - kattalar ham bu fazilatlarni qadrlaymiz. Faqat bunday lutfimizni o‘zimizning do‘stlarga yoki kattalarimizga ko‘rsatamiz. Kichiklardan - farzandlarimizdan esa darig‘ tutamiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:02:16
Yana Toshtemirga qaytsak, u o‘zida yo‘q, sinfdoshlarida mavjud chaqqonlikni, kuchni, sabotni ham qadrlaydigan bo‘ldi. Bu o‘smir uchun o‘ziga hos kashfiyot edi va u mazkur kashfiyotidan rohatlandi.
Toshtemirning a’lochi va o‘rnak bo‘luvchi boladan hamma qatori turli qusurlarga ega o‘smirga aylanishi ota-onani befarq qoldirmaydi. Uni yana avvalgi maqomga qaytarishga urinishlar bo‘ladi. Bunday urinishlar ko‘p hollarda besamar yakunlanadi. Chunki farzandini yana ibratli bola maqomida ko‘rishni istagan ota-ona (yoki muallim) bolalik olami bilan o‘smirlik olamidagi talab-qoidalar o‘zga-o‘zga ekanini hisobga olishmaydi. Bolaning maqomi intizomi, hulqi, yaxshi o‘qishi muallim tomonidan baholash bilan belgilanadi. Muallim: «Bolalar, sinfdoshingiz Toshtemirdan o‘rnak oling», dedimi, demak u yaxshi ekan. Bolalar muallimning bahosini haqiqat o‘rnida qabul qiladilar. O‘smirlik olamida esa muallimning bahosi avavalgi qudratini yo‘qotadi. Toshtemirdan o‘rnak olish mumkinmi yo yo‘qmi, buni bolalarning o‘zlari hal qiladilar. Tengdoshlari orasida obro‘ni saqlash uchun faqat a’lochi va intizomli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. O‘qituvchiga chaqimchilik qiladigan, o‘rtoqlari darsdan qochganda, ularga qo‘shilmay sinfda qoladigan boladan tengqurlar nafratlanishadi. Agar muallim yoki maktab direktori darsdan qochganlarni urishib, qochmaganni maqtab, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatsa ularning nafratlari yanada oshadi. Chunki ular buni ibrat o‘rnida qabul qilishmaydi, balki do‘stga xoinlik deb hisoblashadi. Boshlang‘ich sinflarda a’lochiligi uchun sinfning erkasiga aylangan bola endi o‘rtoqlarining uy vazifalarini beminnat bajarib beradigan dastyorga aylanishi ham mumkin. Agar dastyorlik qilmasa, maqtanchoq, do‘stga bevafo sanalib, tengqurlari davrasiga qo‘shila olmaydi. Uning gapi mutlaqo e’tiborga olinmaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:02:28
O‘smirlik olami o‘z hukmini o‘tkaza boshlagach, sinfda o‘ziga xos guruhlar paydo bo‘ladi. Bir necha bola «zo‘r»likka da’vo qila boshlaydi. Bu «zo‘r»lar turli avlodda turli nomlar bilan ataladi. Hozir sinfdagi bolalarning mavqei «birinchi paxan, ikkinchi paxan» degan nomlar bilan belgilanarkan. «Birinchi paxan» bo‘lish uchun yaxshi o‘qish, intizomli bo‘lish mutlaq shart emas. Eng muhimi - kuchli va kattalarga bo‘ysunmaslikda ibrat bo‘lish kerak. Mazkur mavqe belgilanishida otaning boyligi ham inobatga olinadi. Agar otasi boy bo‘lsa-yu, o‘zi kuchda, irodada, mardlikda oqsasa u «birinchi paxan»likka da’vo qilolmaydi. O‘zining atrofida kichikroq guruh tashkil qilib, «birinchi» bilan murosada yashaydi. Agar birinchi kambag‘alroq oilaning farzandi bo‘lsa, moddiy rag‘bat hisobiga unga xizmat qiladi. Har bir sinfning o‘z «paxan»i bo‘lgani kabi maktab bo‘yicha ham «paxan»lar mavjud. Birinchi, ikkinchi, uchinchi...lar mutlaq hokim bo‘lish uchun turli yo‘llar bilan kurash olib boradilar. Ba’zan bu kurashga maktab uchun begona bo‘lgan ko‘cha bolalari ham jalb qilinadilar. «Birinchi paxan»ning mavqeini ko‘cha tomondan bo‘lajak quvvatlash ham belgilab turadi.
O‘smir yoshiga yetgan bolalar kattalar orasidagi o‘zlariga yoqqan odamlarday bo‘lishga intilishlarini bilamiz. Qizlar go‘zal artistlarga taqlid qilishadi, ularday kiyinishni, o‘zlariga oro berishni istashadi. O‘g‘il bolalar kuchli shaxslarga ixlos qo‘yadilar. Ularning taqlidlari bu bilan kifoyalanmaydi. Ular o‘zlarining tengdoshlari orasidagi ayrim bolalarga ham ixlos bilan qaraydilar. Ularning odat va odoblarini o‘zlariga singdirishga urinadilar. Ayniqsa «paxan»lar atrofida birlashadigan bolalarda bu kuchli seziladi. «Paxan» ularga «harif» deb murojaat etsa, demak, ularning tilidan ham bu so‘z tushmaydi. Bu bilan «paxan»ga yaqinliklarini namoyish etmoqchi bo‘lishadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:03:00
Avvallari bunday «paxan»larga qarshi «kollektivizm» - ya’ni, jamoa ta’siri mavjud edi. Pioner va komsomol tashkiloti, Kommunistik mafkura bilan «qurollangan» pioner va komsomol tashkiloti bularga qarshi turardi. Ular o‘zlarini erkin his qila olmas edilar. Hozir ularga qarshi faqat sinf rahbarigina bor. Hali shakllanishga ulgurmagan bolalar tashkilotining mavqei esa sezilarli darajada emas.
Hikoya qilayotganimiz Toshtemirga qaytsak, sinfdoshi Zafarning mardligi, rostgo‘yligi, eng muhimi maqtanchoq emasligi uni o‘ziga tortdi. Zafar o‘qishga befarq edi. Toshtemir buni bilardi. «Zafar agar istasa yaxshi o‘qishi mumkin», deb hisoblardi. Bu fikrini ota-onasiga tushuntira olgani uchun ham Zafar bilan do‘stlashishiga monelik bo‘lmadi.
O‘ziga do‘st tanlash, kimgadir yaqinlashish, kimdandir uzoqlashishni o‘smir uchun «qil ko‘prik» deb atasak ham bo‘lar. Bu qil ko‘prikda sal toydimi, tamom «jinoyat olami» deb ataluvchi jarga qulashi hech gap emas.
Keling, yaxshilik bilan tugagan hikoyalarimizni boshqacharoq tasavvur etaylik:
Alining ota-onasi uning yolg‘iz ekani, do‘sti yo‘q ekanini sezishmadi. Maktabga ham borishmadi. Radioto‘garak ham ochilmadi. Alining texnika sohasida iqtidori borligini sezgan ko‘cha «zo‘r»laridan biri avval undan televizorini tuzatib berishni iltimos qiladi. Keyin yana shunga o‘xshash iltimoslar bilan murojaat etib, uni o‘ziga yaqin ola boshlaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:03:16
Ali o‘zicha yaxshi do‘st topganday quvonadi. «Zo‘r» uchun Ali do‘st sifatida emas, jinoyatga oid ishlarini amalga oshirishda mutaxassis sifatida kerak edi. Katta o‘g‘irlikni mo‘ljallagan odam ilgari zamonlardagiday tom oshib, devor teshib yurmaydi. Kinolarni ko‘raverib, ko‘zlari pishib ketgan. Endi unga elektronikani puxta biladigan zo‘r mutaxassislar lozim. Ali asta-asta uning to‘riga o‘rala boradi-yu, keyin chiqib keta olmaydi. Chiqay desa, kaltaklanishdan cho‘chiydi, o‘ldirib ketishlaridan qo‘rqadi. U ilojsiz, suyanadigan do‘stlari yo‘q, ota-onasining himoya qila olishiga esa ishonmaydi. Tasavvurimizdagi holatda uning qilko‘prikdan o‘tayotganini tarbiyachi sezmay qoldi. Ali jarga quladi.
Valining taqdiri ham shunday bo‘ldi. U ko‘cha «zo‘r»lariga aralashib yuruvchi o‘rtog‘i bilan karatega bordi. Mushtlashish san’atini o‘rgandi. O‘zini himoya qilish uchun emas, hujum qilish uchun, o‘zgalarga zulm qilish uchun o‘rgandi. Tarbiyachi «o‘g‘lim chiniqyapti», deb hotirjam yurdi. Chiniqish boshqa tomondan bo‘ldi va yakuni... o‘zingiz tasavvur eta olarsiz.
Dilobar dugonalarining hulq-atvorini tahlil qilganida Xonzodaga mahliyo bo‘ldi. Doim chiroyli kiyinib yuradi, yuqori sinfdagi o‘g‘il bolalar ham uning atrofida parvona. U esa bu bolalarni mensimaydi. Xonzoda esa Dilobarning o‘ziga mahliyo ekanini sezib, yaqinlashadi. Dilobar - chiroyli qiz. Otasining topish-tutishi ham yaxshi. Xonzoda dugonasini ko‘cha tomon boshlaydi Avval diskoteka... undagi xursandchiliklar. Kelishgan, puldor yigitlarning xushomadlari... Eng muhimi - unga yosh qizcha, deb emas yetilgan qiz ekanini tan olib muomala qilishlari... Bu qiz ham qil ko‘prikdan o‘ta olmadi...
Toshtemirning ham qismati shunday bo‘lishi mumkin edi. Agar Zafar ko‘cha tomon og‘sa, Toshtemir ham ikkilanmay unga ergashardi. Avvalgi «a’lochi, odobli» degan martabalari uni bu yo‘ldan qaytara olmasdi. Demoqchimizki, o‘smirlikkacha bo‘lgan odob-axloq keyingi to‘g‘ri hayotni kafolatlay olmaydi. O‘smir uchun hammasi yangidan boshlanishi kerak.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:03:32
Do‘stlik haqida har birimiz o‘nlab maqol yoki hikmatlarni bilamiz va bularning barchasi kattalar uchun mavjud, deb bilamiz. «Zo‘r gap ekan!» deb tan beramiz, lekin hayotga tadbiq etishni o‘ylamaymiz. Bu hikmat va maqollar farzandlarimiz hayoti, taqdiriga ham oid degan tushunchadan uzoqroqmiz. Bizning bu da’voimiz siz, muhtaram tarbiyachiga (ota-ona, muallimga) ehtimol malol kelayotgandir. U holda o‘ylab ko‘ring, farzandu arjumandingiz bilan do‘stlik mavzuida qachon suhbatlashgan edingiz? Suhbatingiz chog‘ida qaysi maqol yoki hikmatni misol sifatida aytib, sharhlab, tushuntirib berdingiz?
Qadim faylasuflaridan Sitseron shunday degan ekan: «Biz bilan birgalashib hech kim quvonmasa, baxtimiz ham jozibasini yo‘qotadi.Biz uchun bizdan ortiqroq qayg‘uruvchi do‘stimiz bo‘lmaganida, kulfatlarga chidashimiz ham qanchalar og‘ir bo‘lardi!» Balki bu hikmatning bolalarga aloqasi yo‘q, ularda kulfat nima qiladi, dersiz? U holda olamga bola ko‘zi bilan qaraylik-chi? Bizga oddiy quvonch bo‘lib ko‘ringan narsa ularga eng oliy baxt bo‘lib tuyulmaydimi? Biz biron narsadan shunchaki ranjib, bir-ikki kundan so‘ng bu noxushlikni unutib yuborarmiz. Bola uchun esa o‘sha narsa shunchaki xafagarchilik emas, ulug‘ bir kulfat bo‘lib tuyuladi. Olam ko‘ziga qorong‘u bo‘lib ko‘rinadi. (Buning oqibati nima bilan tugaganini avvalroq bayon qilib edik.) Shunday ekan, bolaning o‘rtog‘i tufayli baxtli bo‘lishi yoki kulfatga duch kelishini arzimas narsa sifatida qabul qilsak, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz.
Azizlar, bizdan ranjimang va to‘g‘ri tushuning: niyat siz tomonga hadeb ta’na toshlarini otaverish emas. Maqsad: farzandlar taqdiri xususida siz bilan birga baqamti bo‘lib fikr yuritmoqlik xalos. Siz deysizki, «bolam hamma narsadan azizroq, men uni hamma narsadan ham yaxshi ko‘raman». Durust, biz bu fazilatingizni inkor etmaymiz. Ammo xalqda derlarkim: «Bola - aziz, odobi undan aziz.» Yana haqiqat shuki, har bir ota-ona bolasini sevadi. Bola ham o‘z ota-onasini sevadi. Lekin bu «olam - guliston» degan gap emas. Qo‘polroq o‘xshatish uchun aybsitmang: barcha jonivorlar ham bolalarini sevadilar, ularni jonlaridan kechsalar-da, himoya qiladilar. Ularning bolalariga chang soladigan xavf nogahoniy, ongsiz bo‘ladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:03:49
O‘zlaridan kuchliroq hayvon yoki tabiiy ofat oldida ular ojizlar. Qo‘zichoq ongsiz bo‘lsa-da, yo‘ldan adashib, bo‘ri bilan do‘stlashmaydi. Quyon bilan sherning do‘stligini birov ko‘rmagan. Do‘stlashgan taqdirda ham bu o‘rtoqchilikning mukofoti o‘lim ekani sir emas. Siz bilan bizning farzandimizga bo‘lgan muhabbatimiz qondoshlik bilangina emas, balki qalb va ong orqali ham bog‘lanmoqligi shart. Biz farzandimizni qo‘zichoq kabi himoyasiz bilib, bo‘rilar to‘dasining hamlasidan asrashga urinamiz. Turli choralarni ko‘ramiz, ammo barcha sa’y-harakatimiz zoe ketaveradi. Jonivor qo‘zichoqdan farqli o‘laroq, ongli, odam-qo‘zichog‘imiz ro‘parasidagi bo‘ri ekanini ko‘rib, bila turib unga muhabbat qo‘yadi. Bo‘riga duch kelgan jonivor-qo‘zichoqning taqdiri bir - o‘lim bo‘lsa, odam-qo‘zichoqning ikki yo‘li bor: biri - qamoq jazosi, ikkinchisi - o‘lim. Birinchi yo‘l ham oxir-oqibat ko‘p hollarda ikkinchi yo‘lga tutashadi.
Qadim-qadimdan donishmandlar farzandlardagi chin do‘stlik ruhini tarbiya etishga jiddiy e’tibor berganlar.
Iskandar Zulqarnaynning tarixchilari yurtimizga doir bir rivoyatni bayon etib ketgan ekanlar. Unda zikr qilinishicha, ikki yigit bir-birlariga sodiq do‘st bo‘lish xususinda qasamyod qilishgan ekan. Ittifoqo, yurtni yov bosibdi-yu, kuchlar teng kelmay, aholi daryo kechib, chekinibdi. Do‘stlarning biri odamlar bilan suv kechibdi, ikkinchisi ulgurolmay, yov changaliga tushibdi. Dushman unga azob beribdi. Yigit qiynoqlarga chidolmay faryod uribdi. Uning zorli nolalari daryoning u betiga ham yetib, do‘stining ruhi azoblanibdi. Do‘st yov changalidagi birodarini tashlab ketolmay orqaga qaytishga ahd qilibdi. «Borma, nobud bo‘lasan», deguvchilarning so‘zlarini e’tiborga olmabdi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:04:04
Daryoni suzib o‘tibdi-da, yov lashkarboshisiga ro‘para kelib «Do‘stimni qo‘yib yubor, o‘rniga meni ol»,- deb talab qilibdi. «Do‘stingni bekorga ozod qila olmayman, sen uni mendan sotib ol»,- debdi lashkarboshi. «Mening boyligim yo‘q»,- debdi do‘st afsus bilan. «Boyliging nega yo‘q bo‘lar ekan, ikki ko‘zing-chi? Bu boylik emasmi? Yo bu boyligingni do‘sting uchun berging yo‘qmi?»- debdi lashkarboshi. Shunda do‘st bu taklifni mulohaza ham qilib o‘tirmay: «Do‘stim uchun ikki ko‘zimgina emas, jonim ham sadaqa bo‘lsin!»-debdi. Uning ko‘zlarini o‘yib olibdilar. Lashkarboshi uning sadoqatiga qoyil qolib, ikkovini ham qo‘yib yuboribdi. Shu-shu ikki do‘st ajralmas ekanlar. Ko‘zlari o‘yib olingan birodarini yetaklagan do‘stni juda ko‘p yerlarda ko‘rishibdi. Bu ikki do‘st yurtlar aro yurib sadoqat haqida qo‘shiq kuylasharkan...
Bunday rivoyatlar ko‘p, juda ko‘p. Ammo, afsuslar bo‘lsinkim, tarbiyada biz ulardan kam, juda kam foydalanamiz. Oqibatda farzandlar chin do‘stlikning farqiga bormay ulg‘ayishadi.
Militsiyaga «o‘g‘lim (yoki qizim) uydan qochib ketdi», degan mavzuda arizalar tushib turadi. Uydan chiqib ketuvchilar ba’zan qisqa xat yozib qoldiradilar. Ularni izlab topish umidi bo‘ladi. Ba’zilar esa indamay ketishadi. Ular arazlab chiqib ketishdimi yo biror falokatga uchrashdimi - uydagilar ham, militsiyadagilar ham garang. Ko‘p hollarda arazchilar topiladi, uyga qaytariladi. Ayrim hollarda esa...
Arazchilarning biri tashlandiq yerlarda yotib yurardi. U militsiyaxonaga olib kelinganda dastlab gapirgisi kelmadi. Keyin arazining boisini aytib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, onasi uning do‘stlarini uyga yaqinlashtirmas ekan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:04:58
Bola «men ularning uylariga bemalol kirib-chiqaman, birga dars tayyorlaymiz, musiqa eshitamiz, ular yaxshi bolalar»,- desa onasi «Men ularni yomon deyayotganim yo‘q, sening opalaring bor, sovchi kelib turibdi. O‘g‘il bolalar o‘ralashib yursa, ko‘ngliga boshqacha gap keladi»,- der ekan. Bola hayron: opalarining yoshlari yigirmadan oshgan bo‘lsa. Uning o‘n uch yoshdagi o‘rtoqlarini ko‘rib kim boshqacha o‘ylashi mumkin? O‘smir o‘rtoqlari oldida uyalgani uchun ham uydan ketishga ahd qilgan. Bunaqa paytda bolada aniq bir reja bo‘lmaydi. Uydan, uni tushunmaydiganlar davrasidan nari ketsa bas - o‘smirning yagona maqsadi shu. Uydan chiqib ketdimi, tamom. o‘g‘ri-bezorilarga qo‘shilib ketdi, deb o‘ylash noo‘rin. To‘g‘ri, ayrimlari ihtiyorsiz ravishda ko‘cha bolalariga qo‘shiladilar. Ba’zilarini osh-ovqat, boshpanaga muhtojlik bu to‘daga qo‘shadi. Yana birlari o‘zlarini bezorilar to‘dasidan ehtiyot qiladilar. Arazchi qochoqlarning ma’lum qismi ko‘chaning zaxmatlariga chidamay iziga qaytadi. Agar tahlilga murojaat qilsak, qaytuvchilarning oz ekanini ko‘ramiz. Demak, ularning ko‘p qismi uydagi yaxshi moddiy sharoitdan ko‘chadagi zorlikni afzal ko‘risharkan? Nega shunday? Biz bu savolga: «Bola uchun uydagi moddiy sharoitdan ko‘ra ruhiy-ma’naviy muhit muhimroq»,- deb javob beramiz.
Siz qanday fikrdasiz?
Javobni o‘ylaguningizcha, e’tiboringizga yana bir voqeani havola etaylik.
Ma’lumingizkim, bolalar turli hayvonlarga mehr qo‘yadilar. Biri itni, yana biri mushukni, boshqasi toshbaqanimi, quyonnimi yaxshi ko‘radi. Ba’zilari uyda akvarium bo‘lishini istaydi. Ayni shu istak atrofida kattalar bilan ziddiyat kelib chiqadi. Otalar bolalarning xohishlariga kamroq qarshilik bildiradilar. Asosiy norozilik ona tomonidan bo‘ladi. Oqibatda bola o‘zi sevgan jonivorlar mavjud joy tomonga intilaveradi. Oqilbekning hayoti ham shunday bo‘ldi. U kaptarlarni sevardi. Bu go‘zal mavjudodning samoda suzishini kuzatish uning jonu dili edi. Avvaliga «hech bo‘lmasa ikkitagina kaptar olib beringlar»,- deb ota-onasiga yalindi. Lekin ota-onasi «kaptarga o‘ralashib o‘qishi pastlashib ketadi», degan fikrda uning iltimoslarini e’tiborsiz qoldirishdi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:05:13
Avvallari «kaptarvoz» degan atama nima uchundir salbiy ma’noni anglatardi. Kattalarning nazarida kaptarvoz bolalarning xulqi buzuq bo‘lardi. Qiziqda, qo‘y yoki mol boqsa yaxshi, kaptar boqsa yomon bola bo‘lsa? Kaminaga bolalikdan muammo bo‘lmish bu savolga hanuz javob topa olmayman. Ehtimol o‘sha salbiy ma’no yillar osha o‘tib kelib hozir ham saqlanayotgandir? Agar Oqilbek kaptar emas, xo‘roz yoki mushuk boqishni ixtiyor etsa ruxsat tegarmidi? Tegmasdi. Yana o‘sha o‘qish bahona bo‘lardi. Bu o‘rinda bolani tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash masalasiga ko‘p to‘xtalmaymiz. Qisqa qilib aytamizki, tabiatni butun vujudi bilan seva oluvchi bolaning ko‘nglida shumlik uyg‘onmaydi, kelgusida jinoyat olamiga kirib ketmaydi. Oqilbekning ota-onasi shu nuqtada ikki xatoga yo‘l qo‘ydilar: birinchidan - farzandlarini tabiatga bo‘lgan muhabbatini tarbiya etish o‘rniga bu ko‘ngil qanotlarini qayirdilar. Ikkinchidan - unga bevosh ko‘cha eshigini o‘zlari ochib berdilar. Anglashimiz joizki, o‘smir bir narsaga astoydil mehr qo‘ydimi - uni endi to‘xtatish qiyin. Uni sovutish uchun kuch ishlatish, majburlash mutlaqo o‘rinsizdir. Bunaqa paytda oqilona va odilona tadbir topish kerak. Avvalo o‘ylaylik: farzandimiz mehr qo‘ygan narsa zararlimi? Zararli bo‘lsa shoshilinch choralar ko‘rmog‘imiz shart. Agar zarar sezilmasa, arqonni uzunroq tashlab, o‘ringa o‘rin biron nima topishga urinishimiz kerak. Oqilbekning mehri tushgan mashg‘ulot aslida zararli emas. Bunda faqat ota-onaning ortiqcha injiqligi va talabi mavjud. Qarang, shu yerda ham ota-onaning, ham bolaning injiqligi, qaysarligi to‘qnashyapti. To‘qnashuvda ikkala tomon ham g‘alabadan umidvor. Ikkala tomon ham chekinishni istamayapti. Bolaning chekinmasligi aniq. Chekina turib aylanma yo‘lga o‘tib ketishi ham aniq. Shunday ekan, tadbirli ota-ona ozgina chekinsa, olam - guliston. Agar ota-ona o‘g‘liga ikkitagina kaptar sotib olib bersa, Oqilbek oradan vaqt o‘tib bu mashg‘ulotidan bezib, tashlab ketishi ham mumkin. Adolatli ota-ona «kaptar boqsa o‘qishi pastlab ketadi», demay, sinab ko‘rishi kerak. Agar ko‘proq vaqti kaptar bilan o‘tsa, buning zararini tushuntirish shart. Tushunmasa, chora sifatida kaptar boqishni man etishga to‘g‘ri keladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:05:47
Oqilbek ota-onadan rad javobini olgach, uydagi sanoqsiz talab va ta’qiqlardan bezdi. Xohishidan voz kechmadi. Shu mahallada To‘rabek ismli kaptarvoz yigitcha bilan yaqinlashdi. Kaptarxonasini tozaladi, u-bu ishlariga yordam berdi. Uyda onasi «changni artib qo‘y», desa malol kelardi. Bunda kaptarxonani tozalash unga rohat baxsh etardi. To‘rabekning o‘ziga erkin ekanligi esa Oqilbekning xayolini butunlay o‘g‘irlagan edi. O‘smirlar «o‘ziga xon, o‘ziga bek» tengdoshlarini juda hurmat qiladilar. Oqilbek shularning biri edi. To ota-onasi uydan qaytgunicha u To‘rabek bilan birga bo‘lardi. To‘rabekning oilasi nobop edi. Undan tashqari To‘rabek kaptarlarni sevgani uchun emas, olib-sotish uchun boqardi. Ustiga-ustak u ko‘cha zo‘rlariga yaqin edi. Oqilbek ham asta-sekin bu muhitga moslasha boshladi. Ana shunda ota-ona havotirlangan voqea yuz berdi: bolaning o‘qishi pastlashdi, sinfda o‘zini tutishi ham salbiy tomonga o‘zgardi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ota-onaning qo‘lidagi kaptar uchdi-ketdi. Endi u qaytib qo‘nadimi, yo‘qmi?
Tasavvur etaylik, Oqilbekning otasi yoki onasi sizdan maslahat so‘rashyapti. Bolani to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun ular qanday chora ko‘rishlari kerak, nima deysiz? Nazoratni kuchaytirsinlarmi? Bolani ma’lum muddatga «uy qamog‘iga» hukm etsinlarmi? Onasi ishdan bo‘shab, bolasiga qarab o‘tirsinmi?
Oqilbekni «qayta tarbiyalash» odatdagidek, ko‘p sinalgan, ammo durust natija bermagan ota-ona, muallim ishtirokidagi suhbatlardan boshlandi. Tabiiyki, to‘g‘ri yashamoqlikka misol zarur bo‘lganida ular uzoqqa borib o‘tirmay, o‘z yoshliklarini esladilar. Ularning gaplariga qaraganda bolalik, o‘smirlik, yoshliklari shu qadar musaffo ekanki, buni bilsa hatto farishta ham lol qolishi mumkin bo‘lardi. Holbuki, otaning o‘smirligi bilan Oqilning shu kundagi hayoti taqqoslansa, o‘rtada faqat kaptar boqish ishtiyoqi yo‘q edi xalos. Oqilbekni o‘rtaga olgan tarbiyachilar xuddi chilyosin o‘qib dam solguvi azayimxonga o‘xshashardi. Azayimxon o‘qilmish duolarning kor qilayotgani yoki havoga uchayotganidan bexabar bo‘lgani kabi ular ham gaplari ta’sir etayotgani yoki besamar ketayotganini bilmasdilar. Oqilbekning indamay tinglayotganini «sukut - rizolik alomati», deb bilib, suhbatning foyda berishiga ishondilar. Ularning nazarida Oqilbek shu ondan boshlab yana avvalgiday odobli, mo‘mintoyga aylanishi kerak edi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:06:00
Ular bilmaydilar-ki, yoshliklarini misolga keltirayotgan paytlarida Oqilbekning xayoli To‘rabekda, bugun oqshom sotib olinajak ajoyib o‘yinchi kaptarda bo‘lgan. Yana bilmaydilar-ki, Oqilbekka ularning misollari mutlaqo ta’sir etmaydi. Uning uchun tirik misol - To‘rabek. Istagan kaptarini sotib oladi, istaganini sotib yuboradi. Yonidan pul uzilmaydi. Xohlagan joyiga boradi. Birovdan so‘rab o‘tirmaydi. «Falon joyga borib keldim», deb hisobot ham bermaydi. Mana bunaqa tarbiyachilarning o‘rtasida shumshayib ham o‘tirmaydi. «Borlaring-e!» deb shart turib ketvoradi...
Bunday suhbat yana bir-ikki takrorlangach, ota-ona tarbiya usulini o‘zgartirishga qaror qilishdi. To‘rabek bilan do‘stlashishning zarari haqidagi gaplarini bas qilib, uni uyga taklif etishdi. Oqilbekka bu g‘alati tuyuldi. Taklifning samimiy ekaniga uncha ishonmadi. Taklif takrorlanavergach, To‘rabekni boshlab keldi. Ota-onaning maqsadi endi To‘rabekni «qayta tarbiyalash» edi. Bu billiard o‘yinidagi bir soqqani uchinchi soqqa bilan urib tushirishga o‘xshash g‘oyat nozik usul edi. Bu tarbiya usuli uydagi narsalar yo‘qola boshlagach, to‘xtatildi. Ammo ota-ona harakatlarini to‘xtatishmadi. «O‘rtog‘ing o‘g‘ri ekan», deb malomat toshlarini yog‘dirishmadi. Buni Oqilbekning o‘zi mulohaza qildi. «O‘rtog‘ining uyidan narsa o‘g‘irlovchi odam qanday do‘st bo‘ldi?» degan muammo uni anchagacha qiynadi. Shunda ota ijobiy samara beruvchi tarbiya usulini qo‘lladi. Avtomobilga, uni tuzatishga qiziqmaydigan o‘smir bo‘lmasa kerak. Ota o‘g‘lidagi shu qiziqishdan foydalanmoqchi bo‘ldi. Uning bir birodari usta edi. Eng muhimi iymon bobida boshqalarga o‘rnak bo‘luvchi adab sohibi ham edi. O‘g‘illari To‘rabekka qo‘shilmasidan ilgari ham uni hunarga berish masalasi ko‘tarilganida ona «bolam qora moyga belanib yuradimi»,- deb ko‘nmagandi. Bu safar noiloj rozi bo‘ldi. Ota avtomobilni tuzattirish bahonasida Oqilbekni ham boshlab bordi. Usta ishlay turib Oqilbekka ham bir-ikki yumush buyurdi. Moy tegmasin, degan maqsadda qo‘l uchida bajarsa ham tanbeh bermadi. Aksincha, «o‘g‘lingiz ziyrak bola ekan»,- deb maqtab qo‘ydi. Keyin bir o‘zi qiynalayotganini aytib, «Menga shogird bo‘lmaysanmi?»- deb so‘radi. Shu o‘rinda u otadan emas, uning o‘zidan so‘rab donolik qildi. Oqilbek ikkilanganicha otasiga qaradi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:06:13
Ota ko‘ndi. Usta «astoydil qiziqsang kelarsan, joningga tegsa tashlab ketarsan. Seni zo‘rlash yo‘q. Usta bo‘lishing shart ham emas. Katta yigit bo‘lib qolibsan, mashinalaringni o‘zing tuzatishni o‘rganib olsang bas. Qachongacha menga o‘xshagan ustalarga sarg‘ayib yurasanlar. Otangga «o‘rgan», desam o‘rgana olmadi, sen boshqachasan. Men odamning kalit ushlashidan bilaman. Sen bir-ikki oyda motorni mustaqil yechib, joyiga joylaydigan bo‘lasan. Bitta shogirdim bor edi, besh yilda ham murvatni burashga qo‘li kelmadi. Bo‘lmaydigani bo‘lmaydi-da, sen boshqachasan...»- deb Oqilbekda ishonch uyg‘otdi. Oqilbek darslardan keyin ustaga qatnay boshladi. Har kuni ota-ona uning hikoyalarini qiziqib tinglaydigan bo‘lishdi. Ota do‘stining fazilatlarini aytganda Oqilbek ziyraklik bilan tinglardi. Chunki u mazkur fazilatlarni amalda ko‘rardi. Oqibat, Oqilbek faqat hunar o‘rgatadigan ustaga emas, sirdosh do‘stga ega bo‘ldi. Kaptarlarni ham, To‘rabekni ham unutdi.
Podshohning bog‘boni tengsiz bir gul yaratib olampanohga taqdim etibdi. Podshoh gulni ko‘rib tasannolar aytibdi-da, yonidagi qulga buyuribdi:
-Bu gul tengsiz go‘zal qizning chiroyiga chiroy bo‘lib qo‘shilishi kerak. Boqqa chiqib qaragin-da, o‘sha go‘zalga buni ber.
Xabash ta’zim bilan chiqibdi. Bog‘da podshohning qizi - go‘zal malika kanizaklari bilan sayr qilib yurardi. Xabash gulni egasiga topshirib iziga qaytdi.
-Gulni berdingmi?-deb so‘rabdi podshoh.
-Berdim, -debdi xabash qul,- eng go‘zal qizga berdim.
-Kim ekan u, go‘zal qiz?
Podshoh «tengi yo‘q go‘zal qiz sizning farzandingiz, mening malikam», degan javobni kutib atay shunday deb so‘ragan edi. Ammo javob podshohni ham, boshqalarni ham ajablantiradigan bo‘libdi:
-Men gulni o‘zimning qizimga berdim,-debdi qul.
Bu rivoyatga «Qo‘ng‘iz bolasini oppog‘im, tipratikan yumshog‘im, deydi» maqolini ilova qilsak ayni muddaodir.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:06:27
Biz farzandlarimizga mahliyo bo‘lib, uning jamoadagi o‘rni bilan kam qiziqamiz. Farzandimizning do‘stlariga nisbatan talablarni qalashtirib tashlaymizu ammo o‘g‘limiz yoki qizimizni birov o‘ziga do‘st deb qabul qiladimi yo yo‘qmi, buni kamroq o‘ylaymiz.
Bir maktabda muallimlar yordamida tajriba o‘tkazdik. Avval sakkizinchi sinfdagi bolalarning f’el-atvorlari bilan qiziqdik. Bolalarning bir-birlariga munosabatini muallimlar o‘zlarining kuzatuvlari asosida gapirib berishdi. Tashqi kuzatuv aldamchi bo‘lishi ham mumkin. Shu bois o‘sha sinfga kirib «Men qaysi sinfdoshimni yoqtirmayman? Yoqtirmasligimning sababi nima?» degan mavzuda insho yozib berishlarini iltimos qildik. Inshoga imzo qo‘ymasliklarini, undagi fikrlar boshqalarga ma’lum qilinmasligini, sir saqlanishini ham aytdik. Kutganimizdek, inshoni yozishga barchada birday rag‘bat uyg‘onmadi. Ba’zilar umuman yozishmadi. Ayrimlar «Menga hamma yoqadi», deb gapni qisqa qilib qo‘ya qolishdi. Shundan so‘ng biz boshqa sinfda mavzuni o‘zgacharoq tarzda bayon qildik: «Insho mavzusi: «Do‘stlik». Quyidagi savollarga javob berishga harakat qiling: Siz qanday bolani yaxshi o‘rtoq deb hisoblaysiz? Sizningcha kim yomon o‘rtoq hisoblanadi? Nima uchun siz uni yomon deb hisoblaysiz? Siz nima sababdan o‘rtog‘ingizdan ranjishingiz va u bilan do‘stlashmay qo‘yishingiz mumkin? Sizningcha haqiqiy o‘rtoq qanday bo‘lishi kerak?» Bu inshoda bolalarning uchdan ikki qismigina iltimosimizni bajarishdi. Shunga qarab ham xulosa chiqarish mumkin bo‘ldi. Muallimlar sinfdagi bir necha bolaga salbiy fikr bildirishgan edi. Insholar buni tasdiqladi. Mana, shulardan ayrimlari:
«Shorahim - bezbet bola. Agar birovda ishi bo‘lsa atrofida girdikapalak bo‘laveradi. Ishi bitgach, yuzini burib ketadi. U kuchiga ishonib, boshqalarni mensimaydi.»
«Unga ishonib bo‘lmaydi, do‘stini ham aldashdan toymaydi. Yomonroq niyatini do‘stining qo‘li bilan amalga oshirmoqchi bo‘ladi, o‘zi esa chetda tamoshabin bo‘lib turaveradi.»
«U maktabda pismiq, ko‘chada zo‘ravon o‘rtoqlari oldida sherday bo‘lib ketadi.»
«O‘zidan kattalardan qo‘rqadi, kichiklarga zo‘rlik qilib, masxaralaydi.»
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:06:41
Bizni ham, muallimlarni ham taajjubga solgan insho Shoakbar degan bolaniki bo‘ldi. Muallimlarning aytishicha, Shoakbar sinfdagi eng zaif, qo‘rqoqlardan sanalarkan. Sinf zo‘rlaridan birini o‘ziga yaqin do‘st tutib yurarkan. Ko‘pchilik, xususan, muallimlar ham bu do‘stlikni himoya vositasi sifatida qabul qilisharkan. Shoakbar inshoda do‘st deb yurgani o‘sha zo‘rning barcha illatlarini sanab, «Men yozgan inshoni hammaga o‘qib bering. Men u bilan do‘stlikni uzdim. Do‘stlar orasida manfaat bo‘lmasligi kerak», debdi. Bolaning talabini bajarib, inshoni o‘qib beraylikmi yo yo‘qmi, deb ikkilandik. Undan «shu talabingda qat’iymisan?» deb alohida so‘radik. U talabidan qaytmadi. Shunda insho o‘qib berildi. Sinf birdan jimib qoldi... Qo‘rqoq va zaif sanalgan bolaning shu ondan e’tiboran dovyurak yigitchaga aylanganini biz ham xis qildik. Bolaning o‘zidagi qo‘rqoqlikni yengishi sinfdagilarga hatto o‘sha «zo‘r»ga ham ta’sir qildi. Xavotirimiz o‘rinsiz chiqdi - «zo‘r» Shoakbarga tegmadi. Bir haftadan so‘ng muallimlar iltimosimizga ko‘ra, «Toqqa sayohatga chiqamiz. Kichik avtobusga yigirma beshta odam sig‘adi. Kimlar ortiqchaligini ro‘yxatda o‘zingiz belgilang», deb bolalarga murojaat qilishdi. Bolalar ortiqcha deb hisoblab, ro‘yxatdan o‘chirilganlar orasida o‘sha «zo‘r»ning nomi ham bor edi. Safar bir sabab bilan bahorga qoldirilib, yana ro‘yxat tarqatilganda «zo‘r»ning nomi o‘chirilmabdi. Sababini bilsak, «zo‘r» Shoakbarni ta’zirini berish o‘rniga unga yaqinroq bo‘lishga harakat qilibdi. Inshoda bayon etilgan illatlaridan qutilishga intilibdi. Garchi Shoakbar do‘stlikdan voz kechgan bo‘lsa-da, chin o‘rtoq topganini anglabdi.
Ba’zilarimiz farzandimizning do‘st tanlashiga talabni kuchaytirsak, ayrimlarimiz loqayd bo‘lamiz. «Farzandimiz aqlli, o‘ziga o‘xshagan aqlli bolalar bilan do‘stlashadi», deb hotirjam yuramiz. Hozirgi kunda o‘smir yoshiga yetganlarning ko‘pchilgi bolaligi o‘tgan maktabni tark etib litsey, kollejlarga borishyapti. Ular uchun faqat o‘quv dargohi yangi emas, do‘stlar davrasi ham mutlaqo o‘zgachadir. Turli mahallalarda, turli oilalarda, odob va madaniyat darajasi turlicha bo‘lgan muhitda tarbiya ko‘rgan bolalar o‘zlari uchun yangi olamni kashf etishga kirishganlarida o‘zaro tanishadilar. O‘zlariga hos kamchiliklarni yashirishga urinadilar. Dastlab ular orasida yuzaki do‘stlik paydo bo‘ladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:06:55
Bu do‘stlikning umri uncha uzoq bo‘lmasligi ham mumkin. Maktabda sinfning erkasi bo‘lgan bola yangi joyda e’tibordan chetga chiqishi tabiiydir. Aytmoqchimizki, bu yangi sharoitda bola og‘ir ruhiy kechinmalar to‘lqinini yengib o‘tishga kirishadi va bunda tarbiyachining madadi zarur bo‘ladi. Farzandning yangi do‘stlarini ehtiyotlik bilan o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Bu litseyga yoki kollejga borib ularni surishtirish shart, degan gap emas. Uydagi samimiy suhbatlarda mavzuni yangi o‘rtoqlarga buraverish kerak. Agar bolangiz biron film haqida fikr yuritsa, «o‘rtoqlaring ham ko‘ribdimi, ular nima deyishyapti?» kabi savollar bilan yangi do‘stlarning qiziqishlarini, ularning dunyoqarashlarini bilib olsa bo‘ladi.
Ko‘pgina oilalarda tug‘ilgan kunlarni yuqori maqomda nishonlash odat tusiga kirib boryapti. Shubhasizki, bu ziyofatga bola o‘zining bir qancha do‘stlarini aytadi. Ular orasida sinalganlari - go‘daklikdan birga katta bo‘lgan mahalladoshlari va yangi do‘stlari ham taklif etiladi. Ota-ona ayniqsa mana shu holatga e’tibor berishi shart. Chunki bir-birini tanimagan ikki guruh suhbat chog‘ida gap talashib qolishi mumkin. Ma’lum jinoyatlar aynan shunday gap talashishlardan boshlanadi.
Zamonalining tug‘ilgan kunida shunday bo‘ldi. O‘smirlar «taklif etilmagan yerga borma», degan odobni hali yaxshi bilmaydilar. Bir bola o‘rtog‘iga «yur, ziyofatga birga boraylik»,- desa bunisi «tanimagan joy, qalay bo‘larkin»,- deb istihola qilib o‘tirmay ketaveradi. Zamonalining litseydagi do‘sti mehmonga bir o‘zi borgisi kelmay ikki o‘rtog‘ini ergashtirdi. Chaqirilmagan mehmonlar uydagi ayrim buyumlarga qiziqib uni o‘g‘irlamoqchi bo‘lishganda janjal chiqib, ko‘ngilsiz voqea yuz bergan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:07:09
Bu bayondan maqsadimiz: do‘st tanlashdek nozik va mas’uliyatli ishda farzandimizni sira-sira yolg‘iz qo‘ymasligimiz kerak. Bizning bu masalaga aralashuvimizni asab hujayralariga tig‘ uruvchi jarrohning ishidagi mas’uliyatga qiyoslashimiz ham mumkin. Ana endi yuqorida diqqatingizga havola etilgan savolga javob qaytarish vaqti yetdi:
Donolar vafoli va muhabbatida ixlosli do‘st tanlashda zikr etilajak mana bu muhim maslahatlarga e’tibor qaratadilar:
 birov bilan do‘st bo‘lishni istasangiz, uning do‘stlarini tekshiring. Agar ularning fe’l-atvor, odob va tarbiyalarini yaxshi tekshirib bilsangiz, uning ham fe’l-atvorini anglaysiz. Chunki har kim o‘ziga munosib kishi bilan do‘st bo‘ladi.
 uning yurish-turishiga diqqat qiling, axloqini o‘rganing.
 u bilan muomala qiluvchilardan uning muomalasini so‘rang, undan rozi yoki norozi ekanliklarini, unga ishongan yoki ishonmaganliklarini bilasiz.
 uning ko‘rinishiga, tashqi qiyofasiga aldanmang, chunki ichi qora bo‘lishi mumkin.
 boshqalarni g‘iybat qiluvchi, ularning sirlarini so‘zlovchi bilan do‘st bo‘lmang.
yomon yo‘lga boshlovchi kishi bilan do‘st bo‘lishdan hazar qiling.

Farzandingizning «kim bilan do‘stlashish mumkin?» degan savoliga to‘liq javob berish uchun bu nasihatlarning o‘zi kifoya qilmas. Qani, o‘zingiz yana nimalar deya olasiz?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:08:15
TUTQUNLIK

Yigitcha yoki qizcha o‘smirlikning notekis so‘qmog‘ida qoqildi, qil ko‘prikdan o‘tolmadi. Ozodlikning quyoshi endi unga saodatli nurini sochmaydi. Bu yoqda ota-onaning dili xufton, u yoqda hayotning lazzati nimada ekanini anglashga ulgurmagan tutqun bo‘lajak yo‘lida yilt etgan nur ko‘rolmay badbinlikka beriladi. Ayrimlari bu ruhiy qiynoqlar iskanjasida tamoman taslim bo‘ladilar. Ular uchun endi yashashning qizig‘i qolmaydi. Ba’zilari qilib qo‘ygan gunohlarini fahm etib, o‘zlarini oqlash choralarini izlaydilar, belgilangan jazo muddati tugagach, hayotga qay tarzda qaytmoqliklarini o‘ylaydilar. Ayrim toifa esa o‘zini shafqatsiz hayotdan o‘ch olgan hisoblab, bu yo‘ldan qaytmaslikni qasd qilib o‘tiradi.
Bola hayotga moslashish shartligini bilmaydi. U tasavvuridagi haqiqat va adolatga hayotning bo‘ysunishini istaydi. Hayot esa... ayovsizdir.
Jinoyat ko‘chasi ostonasida turgan o‘smir bilan bu ostonani bosib o‘tib, qamoq jazosiga hukm qilingan mahbusning ruhiy kechinmalari orasida katta farq mavjud. Huddi shuningdek, qamoqda o‘tirgan kattalar bilan o‘smirlarning ruhiy olami bir-biriga aslo o‘xshamaydi. Kattalar hayot tajribasiga asoslanib, ruh azoblarini qanoat bilan yengmoqqa urinadilar. Hayot tajribasiga ham, sabr-qanoatga ham ega bo‘lmagan o‘smirlar esa o‘zlarini g‘am-alamlari bilan yolg‘iz qoladilar.
Bolalarimizga jazo berish masalasini avvalgi bo‘limda qisman yechmoqqa urinib ko‘rgan edik. Endi e’tiborimizni asosan shu muammoga qaratsak.
Inson yaxshi tarbiya ko‘rmagan va turmushda tajriba orttirmagan bo‘lsa, u ko‘p narsalarni nazarga ilmaydi va undan jirkanadi. Bunday narsalar unga noo‘rin ko‘rinadi. Va aynan shu narsa unga tutqunlik eshigini ochib beradi. Inson bilim va tajribaga ega bo‘lgandan so‘ng fikri o‘zgaradi, noo‘rin bo‘lib ko‘ringan narsalar zaruriy bo‘lib chiqadi. Amerika adibi Mark Tven «Otam o‘n to‘rt yoshimda ahmoq edi, yigirma to‘rt yoshimda o‘ylab qarasam, otam aqlli, men esam ahmoq bo‘lgan ekanman», deb yozadi. Haqiqatni anglab yetish uchun yillar kerak. Afsus shundaki, ba’zi o‘smirlarning oqibatda haqiqatni anglab yetmoqliklari uchun tutqunlik imtihonidan o‘tmoqliklariga to‘g‘ri keladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:08:51
JINOYAT KO‘CHASINING OCHIQ DARVOZASI
 
 Ostona hatlangach"¢

 Qotil... 13 yoshda?"¢

 Rasulalloh dedilarkim: ...bolalaringizni urmang!"¢

 Bola jinni emas, ammo..."¢

Bola necha yoshida jazolanishi mumkin?

Savolga javob qaytarmoq uchun jazo turini ikkiga ajratsak: ya’ni, uydagi sho‘xligi yoki bevoshligi uchun biz - ota-ona tomonidan belgilanuvchi jazo. Ikkinchisi jamiyatga yetkazgan zarari tufayli beriladigan jazo. Ota-onaning hukmi va bu hukmning ijrosi orasida ba’zan bir nafas ham vaqt o‘tmaydi. Bolaning aybi aniqlanishi hamon yo so‘kiladi, baqiriladi, yoki tarsaki tushirib qolinadi. Uyda bolani jazolash uchun aniq yoshi belgilanmaydi. Farzand go‘daklik chog‘idayoq jazoga mubtalo bo‘ladi. Agar ko‘proq yig‘lab yuborsa, tagini bemavrid ho‘l qilib qo‘ysa, yoki piyoladagi choyni bexos to‘kib yuborsa... darrov jazoga tortamiz. Holbuki bola bu ishlar uchun aybdor emas. Agar atayin ayb qilsa jazo to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish mumkin. Avvalgi boblardan birida aytganimiz yaponlarning, yahudiylarning bolalarni jazolamasliklarini yana bir bor eslab o‘tishni joiz deb bildik. Bola ko‘chadagi do‘konda ko‘zlarni o‘ynatib turuvchi o‘yinchoqni ko‘rib «olib bering», deb xarxasha qilsa ham urishimiz kerakmi? Bola bizning hatti-harakatimizni sinchiklab kuzatadi. Qaysi nobop ishi uchun kimdan qanday jazo olishini biladi va o‘zicha shunga yarasha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Onasi ko‘pincha tanbeh bilan kifoyalanadi. Demak, undan cho‘chimasa ham bo‘ladi. Otasining qahri yomon, undan qo‘rqqulik... Bolaning yolg‘on to‘qishi yoki aybni boshqalarga ag‘darishga urinishi jazoning kim tomonidan kutilishiga bog‘liq bo‘ladi. Shafqatsiz jazolashga odatlangan xonadonda bola aybga iqror bo‘lish, tantilik, mardlik, qo‘rqmaslik, insof, qat’iylik kabi fazilatlardan begona ravishda ulg‘ayadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:09:12
Oilalarning odob va madaniy darajasi bir hil emasligi ma’lum. Shundan kelib chiqqan holda bolalar tarbiyasiga e’tibor ham turlicha. Ayrim oilalar bola tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘ladi, bolasining baodob tarzda voyaga yetishini istaydi ammo bunga o‘zlarida yetarlicha ilm va tajriba yetishmasligidan qiynaladi, bu toifadagi ba’zi oila boshliqlari «tirikchilik tashvishi» degan bahona bilan o‘z istaklariga o‘zlari g‘ov bo‘ladilar. Ayrim oilalar g‘oyat darajada madaniy va ziyoli bo‘lganlari sababli bola tarbiyasiga vaqt ajrata olmaydilar va bu ish bilan shug‘ullanishni o‘zlariga ortiqcha tashvish deb biladilar. Bola tarbiyasi ularni asosiy ishdan chalg‘itganday tuyuladi go‘yo. Afsuslar bo‘lsinkim, yana shunday oilalar borki, ular bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishni istashmaydi. Bularni «og‘ir oila», deb atashadi, biz esa bular oila degan muqaddas nomga umuman noloyiq deb hisoblaymiz. Farzandi ham, iymoni ham buzuqlik va aroqxo‘rlikdan iborat ikki jinsning hayvoniy qo‘shiluvini «oila» deb atash mutlaq noo‘rindir. Shuning uchun ham jamiyat ularni ko‘p hollarda ota-onalik huquqidan mahrum etadi. Bu mahrumlik ehtimol oddiy jazo bo‘lib tuyular. Har holda aybdor qamalmayapti, jarima ham solinmayapti. Moddiy va jismoniy og‘riqqa mubtalo etilmayapti. Lekin, bizningcha, tushungan odamlar uchun bu o‘lim jazosidan ham battarroqdir. O‘z farzandiga otalik yoki onalik huquqidan, uni suyib erkalashdan, keksayganda esa uning rohatini ko‘rishdan mahrum bo‘lgandan ko‘ra o‘lib ketgani ming karra afzalroq. O‘ylab qarasak, mahrumlik - o‘limning o‘zginasi. Faqat jisman emas ruhan o‘lmoqlikdir. Ota-onalik huquqidan mahrumlar aslida ruhan o‘lib bo‘lgan - tirik o‘likdirlar.
Uyda bolaga jazo berish haqida so‘z ketganda olimlarning bir tadqiqotiga e’tiboringizni jalb etishni lozim deb bildik. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan oilalarning 46 foizida bolani shafqatsiz ravishda kaltaklash kuzatilgan, 15 foizida ayb ish qilib qo‘ygan bola uydan haydab chiqarilgan, 11 foizida o‘z farzandlarini taomlanishdan mahrum qilishgan, ya’ni och qoldirishgan, 13 foizida bog‘lab qo‘yishgan yoki yerto‘laga qamashgan, 10 foizida urib, mayib qilishgan. Ko‘ngilni xira qilguvchi bu noxush raqamlarga jamiyat befarq qaramasligi lozimmikin? Bolalarga og‘irmi yengilmi jazo berilayotganini ko‘rsam yo eshitsam turklarning ashulasini eslayman, o‘zbekcha ifodasi bunday: «Bizim go‘daklarimiz ular, bizim avlodlarimiz, mehrga, shafqatga ehtiyojlari bor. Seving ularni, seving ularni, peshonasidan o‘ping ularni!»
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:09:51
Farzandlarini jazolashni hush ko‘ruvchilarga sharafli hadislardan birini eslatmoqni lozim ko‘rdik. Abu ad-Dardo (roziyollohu anhu) «Rasulalloh menga to‘qqizta amalni buyurdilar», deb bu amallarni bayon eta turib ta’kid etmishlarkim: «... xotin va bolalaringga kaltak ko‘tarma, to‘g‘ri yo‘ldan yurmasa, bola-chaqalaringni Olloh Taoloning qahri-g‘azabiga duchor bo‘lishlari bilan qo‘rqit.»
Uydan qochib ketuvchi bolalar haqida gapirib edik. Ular orasida aynan haqsiz jazodan bezib ketganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Yaqinda bir qarashda suyunchli, bir qarashda afsusli xabar bilan tanishdik. Rossiyalik opa-singil o‘g‘irlanib, Yunonistonga sotib yuborilgan ekan. Ular bir necha yil ichida topilib, Vatanga qaytarilganlar, lekin... ular mayxo‘r onalari bag‘riga qaytishni istamaganlar. Bunga nima deymiz?
O‘smirlik yoshini mutaxassislar 12-14, 15-16 va 17-18 deb belgilaydilar. Albatta bu taxminiy bo‘linish. Unda bolalarning tabiiy va ruhiy o‘sishlaridan ko‘ra maktabda o‘qiydigan sinflari ko‘proq e’tiborga olingan. Jinoyat uchun jazo belgilash masalasiga kelsak, bo‘linish sal o‘zgacharoqdir. Ya’ni bola 13 yoshidan jazoga tortilishi mumkin. Bu yoshda asosan bola qotillik uchun jazolanadi. 14 yoshdan esa o‘g‘irligi uchun jazoga tortiladi. 13 yoshdan kichikroq bolalar jiddiyroq ayb qilsalar ular maxsus maktablarda tarbiyalanadilar.
Jazo haqida gap ketganda O‘zbekiston Respublikasining jinoyat kodeksiga murojaat qilmoqlikka to‘g‘ri keladi:
«Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslariga amal qiladi, voyaga yetmaganlarning rivojlanganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sog‘lig‘ini, sodir etgan jinoyatining sabablarini, katta yoshdagilarning va boshqa holatlarning uning shaxsiga ta’sirini hisobga oladi.»
«O‘n uch yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida jazo tayinlanganda ozodlikdan mahrum qilishning eng ko‘p muddati o‘n yilgacha, agar sodir etgan jinoyatlarning bittasi o‘ta og‘ir jinoyat bo‘lsa, o‘n ikki yilgacha tayinlanadi.»
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:10:06
«O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi - o‘n ikki yilgacha muddatga, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi o‘ta og‘ir jinoyat bo‘lsa, o‘n besh yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin»
Jinoyat kodeksidan ayrim bayonlarni keltirganimiz bejiz emas. «Biz jinoyat va jazoga taaluqli qonunlardan yaxshi xabardor emasmiz», deyilsa, rad etishga shoshilmang. Mazkur da’voni osmondan olganimiz yo‘q. Ota-onalar, muallimlar, bolalar orasida tarqatilgan so‘rovlarimizning natijasi bizni shu fikrga olib keldi. 13 yoshdagi bolani jinoiy jazoga tortish mumkinligini hech kim bilmas ekan. So‘ralgan ota-onalarning 80 foizi 15-16 yoshdan oshgan bola jinoyati uchun qamalishi mumkin, deb o‘ylarkan. 15 foizi 14 yoshli bolaning qamalishi mumkinligini bilarkan. 5 foizi esa «14 yoshli bola ham jinoyati uchun qamalishi mumkin», degan gumonda ekan. Bu ko‘rsatgich muallimlarda bir oz yaxshiroq, ya’ni haqiqatga yaqinroq. Buning sababi: ular bevosh, bo‘ysunmas bolalar tufayli militsiya bilan aloqadalar va shu jarayonda huquqqa doir ma’lum bilimga ega bo‘ladilar.
Huquqqa doir bilim olishning darajasi sust ekani haqida tashvishlanib ko‘p gapiriladi. Bolalar va o‘smirlarning jinoyat ko‘chasiga kirib qolishlariga shu bilimning yetishmasligi ham sabab, deguvchilarning fikrlariga qo‘shilmoqlik kerak. Ota-onalar va muallimlar bilan fikrlashganimizda ularga bir o‘g‘irlikning ikki ko‘rinishini bayon etdik: sinfdagi kompyuter o‘g‘irlangan. Birinchi holatda o‘g‘ri ochiq qolgan eshikdan kirib, ko‘tarib chiqib ketgan. Ikkinchi holatda derazani sindirib kirgan. Bu jumboqni yechishda 87 foiz ota-ona «har ikkala holda ham bir buyum o‘g‘irlanyapti, demak jazo bir hildir», deb hisoblashibdi. 9 foizining fikricha, jazo belgilanayotganda buyumning narxiga sindirilgan deraza oynasining qimmati qo‘shib hisoblanarkan. Faqat to‘rt foiz ota-ona bir holatda oddiy o‘g‘irlik, boshqa holatda talonchilik deb baholanishini bilganlar. Bolalar esa buning farqiga mutlaqo yetmaganlar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:10:17
Jamiyat tartib-qoidalari bilan jinoyat kodeksi orasidagi farq ko‘pchilikni chalg‘itishi mumkin. Ya’ni: o‘smir 16 yoshga to‘lganda unga pasport beriladi. Shuning uchun ba’zilar aynan shu yoshda jazoga tortilishi mumkin, deb o‘ylaydilar. 18 yoshga to‘lganda saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi, yigitlar shu yoshda harbiy xizmatga boradilar. Demak, balog‘atga yetadilar, jazo ham shu yoshda beriladi, deguvchilar ham mavjud. Bu fikrlarda jon bor, ularni mutlaq inkor etib bo‘lmaydi. Jinoyat kodeksi ham jazo turlarini belgilashda ulg‘ayish yoshlarini hisobga oladi.
12-14 yoshda bolalikdan o‘smirlikka o‘tish jarayoni, ya’ni bo‘ysunmaslikning boshlanishi kuzatiladi. Avval aytganimizday, bola o‘zini kattalar safida ko‘rgisi keladi, ong shakllana boshlaydi. Islomda o‘g‘il bolalar uchun o‘n bir, qizlar uchun to‘qqiz yoshdan namoz farz qilingan. O‘ylab ko‘raylik-chi, nima uchun shunday? Aynan shu yoshda bolaning ongi haq-nohaqni aniqroq farqlay boshlaydi. O‘z hatti-harakatini ongli ravishda boshqarishga o‘tadi. Endi u ota-onasi aytgani uchungina emas, Olloh bilan ongli ravishda bog‘lana boshlagani uchun namoz o‘qiydi. Demak, endi uning biron aybini bolalik sho‘xligiga, aqli yetmaganiga yo‘yish to‘g‘ri ham emas. U o‘g‘irlikning jinoyat ekanini, jinoyatga loyiq jazo borligini biladi. Bilmasa, qilg‘iliqni qilib qo‘yib qochmagan, yashirinmagan bo‘lardi. 10-11 yoshli bolalarga «o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik, qotillik, bezorilik uchun maktab o‘quvchilari qamalishi mumkinmi?» degan savol bilan murojaat etdik. So‘ralganlarning 92 foizi jinoyat uchun bolalarning ham jazolanishi muqarrarligini bilisharkan. 5 foizi 18 yoshdan keyin jazolanishi mumkin, deb hisoblar ekan. 3 foizi esa aniq bilmas ekan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:10:36
13-14 yoshdagi jinoyatchilar ko‘p emas. O‘smir ulg‘aygani sayin, jinoyati uchun jiddiy jazo mavjudligini to‘laroq his etadi. Jinoyatga yarasha jazo tortajagini bilgach, u o‘zini tiya bormog‘i lozim. Mantiqan olib qaralsa shunday. Ammo jinoyat olamining o‘ziga tortish qonuni bizning hayot haqiqatidan kelib chiqadigan mantig‘imizga mos kelavermaydi. Mana bu raqamlar ehtimol fikrimizni tasdiq etar, siz ham diqqat qiling: biz o‘rgangan bir joydagi jinoyatchi o‘smirlarni 100 foiz deb olsak, shundan o‘rtacha 8,2 foizini 14 yoshlilar, 26,8 foizini 15 yoshlilar, 30,2 foizini 16 yoshlilar, 34,8 foizini 17 yoshlilar tashkil etdi. Boshqa joydagi tadqiqotda raqamlarda farq bo‘lsa-da, mazmun o‘zgarmadi. Mana o‘sha natija: 14 yosh - 2,2, 15 yosh - 10,2, 16 yosh - 35,9, 17 yosh - 51,7. Bu raqamlarni keltirishimizdan maqsad, o‘smirlarga nisbatan bo‘lajak e’tiborimizni yil o‘tgan sayin susaytirmasdan, balki kuchaytirib borishimiz lozimligini eslatib qo‘ymoqdir. Farzandimiz 14-15 yoshligida biz uning yurish-turishiga ko‘proq ahamiyat beramiz. Chunki uning o‘smirlik olamiga kirish chog‘idagi hatti-harakati, gap-so‘zlaridagi o‘zgarishlar sezilarli bo‘lgani uchun doimo diqqat-e’tiborimizda turadi. O‘smirlik olami chegarasidan o‘tib olgach, u o‘zini ancha bosib olganday, nazarimizda «aqli to‘lishib qolganday» tuyuladi. To‘g‘ri, aqliga aql qo‘shiladi. Ammo bu yoshda jinoyat jari yaqinidagi ko‘chadan uzoqlashmagan bo‘ladi. E’tiborimiz susaydimi, kimgadir ergashibmi, qo‘rqibmi yo boshqa sababdanmi shu jarga qulashi ehtimoli borki, bundan barchaning farzandini Ollohning o‘zi asrasin!
Kimyoda «katalizator», «zanjir reaktsiya» degan tushunchalar bor. Shisha idishda zararsiz turgan moddaga bir tomchigina o‘zga modda tomizilsa u qaynab, junbushga kelib, dahshatli kuchga aylanishi mumkin. Huddi shunga o‘xshab jinoyatchilikda ham o‘ziga hos «katalizator»lar mavjud. Buni oddiygina qilib «sabab» ham deymiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:10:50
Qotillikning sabablari o‘rganilganda mana bu raqamlar yuzaga keldi: qotillikning 8,8 foiziga g‘ayirlik sabab ekan. 19,1 foiziga qasos hissi, 11,3 foiziga rashk, 29,4 foiziga bezorilik, 20,7 foiziga esa gap talashish, mushtlashish sabab bo‘lgan.
Bolalar va o‘smirlarga xos jinoyatchilik kattalarnikidan ko‘p jihatlari bilan farqlanadi. Shulardan biri - ko‘plashib olib jinoyat qilish. Bola yoki o‘smir kamdan kam hollardagina yolg‘iz o‘zi jinoyat qiladi. O‘rganilgan davrda qamalgan o‘smirlarning faqat 24 foizigina yolg‘iz holda, 76 foizi esa to‘da bo‘lib jinoyat qilishgan.
Endi ularning tabiatini kuzataylik: bola yoki o‘smir ko‘chada yolg‘iz yurganida mo‘mingina bo‘ladi. Agar birov jig‘iga tegsa ham indamasligi mumkin. Yonida o‘rtoqlari (ayniqsa qizlar) bo‘lishsa-chi? O‘sha mo‘mintoy naq sherga aylanib ketadi. Bolalar va o‘smirlar birlashib qolishsa har qanday odobni unutadilar. Baland ovozda gapiradilar, arzimagan hazilga ham qah-qah otib kuladilar, qizlarga gap otadilar, chekmaydiganlar aynan shunday davrada cheka boshlaydilar. Bulardan maqsad - atrofdagilarga o‘zini ko‘rsatishga urinish. Bunday hollarda alohida shahsga xos fe’l-atvor boshqaruv tizginidan chiqib, umum guruhga xos bo‘lgan fe’l-atvorga bo‘ysunadi. Odobi, hatti-harakati bilan boshqalardan ajralib turuvchi bola to‘daga qo‘shilgach, ihtiyorsiz ravishda o‘zgaradi. «Boshqalar qanday bo‘lishsa, men ham shundayman», degan o‘yda bo‘ladi. «Boshqalar tomdan tashlashsa sen ham tashlaysanmi?» degan haqiqatdan yiroqlashadilar. Bu masalada o‘smirlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
*Qonunni buzmaydilar va boshqalarni ham bu yo‘ldan qaytarishga urinadilar.
*Qonunni buzmaydilar, boshqalar bilan ishlari yo‘q.
*«Boshqalar nima bo‘lsa, biz ham shu»
Ikki litsey o‘quvchilari bilan suhbatlashganimizda bu uch toifa mana bunday manzara kasb etdi:
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:11:18
Birinchi toifa - 50 - 52%
Ikkinchi toifa - 11 - 13%
Uchinchi toifa - 39 - 35%
Kattalarga nisbatan o‘smirlarda jinoyatchi to‘dani tashkil etish osonroq. To‘da tashkilotchisi hamisha ham boshliq bo‘lavermaydi. U tashabbuschi, tadbirkor yoki to‘daning g‘oyaviy rahnamosi sifatida boshliqning eng yaqin kishisiga aylanishi mumkin. Qo‘lga olingan katta-kichik o‘nta to‘daning to‘rttasida boshliq martabasi boshqalarga nisbatan baquvvat bo‘lgan yoki sport bilan shug‘ullangan, qo‘l janggi usullarini yaxshi bilgan yigitchaga nasib etgan. Ikkitasini jinoyat olamini yaxshi biluvchi, tajribali, boshqacharoq aytsak, qamalib chiqqanlar boshqarishgan. Ikkitasiga shafqatsiz, qurol ishlatishdan ham qaytmaydigan, bo‘ysunmaslarni ayovsiz ravishda jazolaydiganlar bosh bo‘lganlar. Ikkitasining boshlig‘i o‘zgalardan aqlan balandroq turuvchi, reja tuzib uni amalga oshirish yo‘llarini yaxshi biluvchilar bo‘lishgan. Aynan shu keyingi ikki guruhni fosh etish, qo‘lga olish qiyin bo‘lgan. Jazo muddatini o‘tayotgan o‘smirlardan «To‘dada obro‘ga ega bo‘lish uchun nima qilish zarur?» deb so‘ralganida ularning 42 foizi yaxshi mushtlasha olish zarur, deb javob qaytarishdi. 34 foiz o‘smir to‘dadagi obro‘ni jismonan baquvvatlik belgilaydi, deb hisoblarkan. Qolganlari puldor yoki aqlli bo‘lishni asosiy sabab deb bilarkanlar.
O‘smirlar tashkil etuvchi to‘da uzoq yashamasligi bilan ham kattalardan farq qiladi. To‘daning tarqab ketishiga yoki fosh etilishiga bir qancha sabablar mavjud: 1. To‘daboshi martabasini talashish, to‘daboshining buyruqlaridan bo‘yin tovlash.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:11:30
2.To‘daning ma’lum a’zolari tomonidan to‘daning maqsadlariga qarshi chiqish, qilinayotgan ishlarning natijalaridan qoniqmaslik. 3. To‘da a’zolari orasida fosh bo‘lishdan qo‘rquvchilarning ko‘payib borishi.
O‘smirlar orasidagi jinoyatchi to‘dalar ba’zan tashqi ta’sir natijasida ibtidoiy ravishda yuzaga kelishi ham mumkin. Avvalgi boblarda bema’ni kinofilmlarning bolalar odobiga salbiy ta’siri haqida gapirgan edik. Bu masalaga yana qaytishga to‘g‘ri kelyapti. Sabab, aynan filmlar ta’sirida to‘dalar tashkil etilgani yaqin tarixdan ma’lum. Aslida unchalik zararli bo‘lib tuyulmagan ayrim filmlar kutilmaganda aks ta’sir qilishi ham mumkin ekan. Yetmishinchi yillarda Amerikadan «Beqiyos yettilik», «Yetti o‘g‘longa yetti kelin», «Zorro» kabi dastlabki jangari ruhdagi filmlar keltirildi. Bu filmlar adolat uchun kurash g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan edi. Ammo ayrim o‘smirlar bu g‘oyalarni o‘zlaricha talqin etib, jamiyatda o‘zlaricha adolat o‘rnatmoq uchun «beqiyos yettilik»lar yoki «Zorro komandasi»ni tashkil qilishdi. Hatto kulgiga moyil, samimiy hisoblangan «Avtomobildan saqlaning» degan filmdan keyin ham «Detochkin bolalari» kabi guruhlar paydo bo‘lib, shaxsiy avtomobillarga zarar yetkazish bilan shug‘ullandilar. Agar Detochkin ayrim tekinxo‘r shaxslarni aniqlab, so‘ng mashinasini o‘g‘irlagan bo‘lsa, unga taqlid qiluvchi bolalar saralab o‘tirishmadi. Kimning mashinasi to‘g‘ri kelsa mix bilan chizishdi, g‘ildiraklarini bigiz bilan teshishdi, hatto o‘g‘irlashdan ham qaytishmadi. Qo‘lga tushgan bolalardan «nima uchun bunday qildilaring?»- deb so‘ralganda: «Nima uchun ularda mashina bor-u, bizda yo‘q»,- deb javob qilishdi. Ular o‘zlarini jinoyatchi deb tan olishmadi. Balki «adolat ishi uchun qurbonlar», deb hisoblashdi. Ularning bu da’volaridan ajablanishning hojati yo‘q. Ularning tushunchasidagi adolat mezoni sovetlar g‘oyasiga asoslangan edi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:23:05
Qamoqdagi o‘smirlarning ma’lum guruhidan «Nima uchun to‘daga qo‘shilib qoldinglar?» deb so‘ralganida ularning 43 foizi do‘st topish ilinjida qo‘shilganlarini aytishdi. Qolganlari ota-onasi yoki o‘qituvchilarga araz qilib, qanday yashash lozimligini bilmay, adolatsizlikka qarshi kurashish maqsadida, kutilmagan g‘alati narsalarga erishish orzusida qo‘shilishgan ekan. «To‘dada qanday yumush bilan shug‘ullanar edinglar?» degan savolga olgan javoblarimizni umumlashtirsak mana bunday bayon kelib chiqadi: «Oshnalar bilan (ular «to‘da» degan so‘zni tilga olishmadi) ulfatchilik qilamiz, chekamiz, ichamiz. Pul kerak bo‘lib qolsa, «yo‘lovchilardan so‘raymiz» (qanday so‘rashlari ayondir?») Zeriksak, sho‘xlik ham qilib turamiz. (Bu sho‘xlik huquqchilar tilida «bezorilik» deb ataladi.)Ba’zan uyda yotmaymiz. O‘qishdagi yoki ishdagi intizom bizga yoqmaydi. Ba’zan so‘kishamiz, ba’zan mushtlashamiz. Qo‘lga noyob narsalar tushib qolsa, sotamiz. Ba’zan kayf uchun qoradori kukunini hidlaymiz. Istaganlar bilagiga ham olaveradi. O‘zimizga yoqqan narsani olamiz...» To‘daga kirib qolgan o‘smirlarning sururli olami shundan iborat. Tarbiyachi uni bu olamdan qanday tortib olishi mumkin? Yoki barchasining taqdiri bir - qamoqmi? Afsuski, ayrim hollardagi yakun shunday bo‘lyapti.
Agar boshqa guruh bilan janjal chiqquday bo‘lsa, mushtlashuvni davraning zo‘ri emas, nisbatan zaifrog‘u ammo manmanlikda ilg‘or bo‘lmish bola boshlab beradi. Mushtlashuvda yengilish aniqroq bo‘lib qolsa, aynan shundaylar birinchi bo‘lib qochadilar. Mushtlashuv og‘ir jinoyat, aytaylik, odam o‘ldirish bilan yakun topsa shu bolalar yolg‘on guvohlikni bera boshlaydilar. Kim kimni qanday urgani, tepganini ziyraklik bilan kuzatib turganday batafsil tasvirlab beradilar.(Bu haqda keyinroq alohida so‘z yuritamiz.) Tergovchini chalg‘ituvchilar ham shu toifadagilar bo‘lishadi. Ko‘plashib qilingan jinoyatlarning aksari tasodifiy voqeadan boshlanadi. Atrofdagilar ularni jinoyatchi sifatida tanimay, ularning qiliqlarini «yoshlik bevoshligi»ga yo‘yishadi. Ularga nisbatan qattiq talab qo‘yilmasligi bir tomondan to‘g‘ri, bunday bolalarning o‘ndan olti yoki yettisi endigi qadamini o‘ylabroq bosadigan bo‘ladi. Shu sababli bu toifa bolalarga jinoyat olamining fuqarosi guvohnomasini berishga shoshilish yaramaydi. Bular bevoshlik chegarasidan chiqqanu ammo jinoyat ko‘chasiga to‘la kirib ulgurmaganlardir. Ularga sudning «qora kursisi»da o‘tirishning o‘zi kifoya qiladi. Qamoq jazosi berilmasa ham eslarini yig‘ib oladilar. Hamonki bolalar qamoqxonasini «axloq tuzatish mehnat koloniyasi» deyilar ekan, adashganlarning axloqini qamamay turib ham tuzatsa bo‘ladi. Biroq, bu o‘rinda masalaning mushkul jihati ham bor.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:23:19
Kinoteatrga majburlab olib kelingan bir necha maktab o‘quvchilarining orasida joy talashish oqibatida janjal chiqadi. (Shunday joylarga turli maktab o‘quvchilarini to‘plash tajribasidan voz kechish kerakligini ta’kidlib o‘tmoqchimiz. Bir birlarini tanimagan o‘smirlar orasida janjal chiqishi ehtimolini benzin to‘la idish oldida gugurt chaqishga qiyoslasak bo‘ladi.) Agar turli maktablardan turli guruhlar to‘planmaganida bola joy talashib o‘tirmas edi. Bu holatda u o‘zining yolg‘iz emasligini biladi, agar indamasa «qo‘rqoq» degan nom olishi ham unga ma’lum, o‘rtoqlari hech bo‘lmaganda «nega indamading, tumshug‘iga tushirmaysanmi!»- deb malomat qiladilar. Bu yoqda qizlar kulib qarab turishibdi... Xullas, kinozaldagi mushtlashuvni muallimlar tezda tinchitishadi. Kinotamosha tugagach, o‘smirlarning tamoshalari tashqarida davom etadi. Endi bu holatda «birga bir chiqish» degan gap yo‘q. «Uchga ikki» yoki «ettiga besh» ham yo‘q. Janjalning avvalida bo‘lgan-bo‘lmagan bolalar mushtlashuvi avj oladi. Muallimalar bolalarni boshqara olmay qoladilar. Shu janjalda bir bola nobud bo‘ladi. Uni hech kim qasddan o‘ldirmagan, tasodifiy tepkidan keyin jon bergan. Mushtlashuvda ishtirok etgan bolalar so‘roq qilinganda ularning to‘qson foizi «janjalga nimaga aralashganimni o‘zim ham bilmayman», deb javob berganlar. Tergov jarayonida yetti bola asosiy aybdor sifatida aniqlandi. Ana endi shu yettitadan qaysi biri adashgan, ertaga bu yo‘lga qadam bosmaydi, qaysi birining esa tuzalishi qiyin - buni aniqlash juda qiyin. Ehtimol marhumni tepgan bolani ko‘proq ayblarsiz. Aynan shu bola janjalni boshlamagan, urushayotganlarni tamosha qilib turganida behos musht yeb, beihtiyor tepib yuborgan bo‘lsa-chi? Tergov va sud jarayonida maktab va mahalla tomonidan yozib berilgan tavsifnomalarga e’tibor beriladi. Qamalishi ehtimoli mavjud har bir bolaning ruhiy olami, oilada va maktabda o‘zini tutishi, qiziqishlari esa alohida o‘rganilmaydi. Militsiya tavsifnomalarga, guvohlarning ko‘rsatmalariga, so‘roq natijalariga asoslanadi, sud uchun esa tergovchining xulosasi asosiy manba bo‘ladi. Bu o‘rindagi bizning taklifimiz ajablanarli, hatto aqlga sig‘mas bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Sud yoki tergovchining har bir bolani o‘rganishga vaqti yo‘q, buni himoyachilar bajarsin, deyishingiz ham mumkin. Buni rad etmaymiz. Biroq, himoyachining shug‘ullanishi boshqa masala, himoyachining fikrlari hamisha ham haq gap sifatida inobatga olinavermaydi. Ikkinchi tomondan biz jamiyatimizning ertasi bo‘lmish o‘smirlarning taqdirini hal etyapmiz, shunday ekan, bu muammoni adolatli ravishda yechishda barcha mas’uldir.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:24:19
Achinarli jihati shundaki, o‘smirlarga xos jinoyat turlari o‘rganilsa, mayxo‘rlik oqibatida qilingan jinoyatlarga ham duch kelinadi. Yanada achinarlisi shuki, ayrimlar hali o‘smirlik olamiga kirmasdan avvalroq aroqxo‘rlikni boshlab yuboradilar. Abu ad-Dardo (roziyollohu anhu) rivoyat qilgan sharafli hadisda janob payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki: «Mast qiladigan harom ichimliklarni aslo ichma, chunki ular hamma yomonliklarning kalitidir.» Yana bir boshqa hadisi sharifda janob payg‘ambarimiz «Xamr (ya’ni mast qiluvchi achitilgan ichimlik) yomonliklarning onasidir»,- deb ta’riflaganlar. Mayxo‘rlikni Olloh mutlaqo xarom etgani (ya’ni t’qiqlagani), Qur’oni karimda bu xususda oyati karimalar mavjudligi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa-da, amal qilinmasligi afsusli holdir. Yaratgan Tangri Qur’ondan avval nozil qilgan muqaddas kitoblarida ham mayxo‘rlikni ta’qiqlagan. Tavrotning Sulaymoniya qismiga o‘xshash 20-bobida «Sharob sharmanda etadi, muskir janjalkashga aylantiradi. Unga mubtalo bo‘lgan aqlli emasdir»,-deyilgan. 23-bobning 20-21- qismlarida esa: «Sarhushlar, vujudini xor qilganlar bilan ulfat bo‘lma».-deb aytilgan. Va yana shu bobning 29-35- qismlarida: «Ularning holiga voy, bu shovqin-suron, sababsiz jarohatlar, qizargan ko‘zlar kimniki? Sharobdan ajralmaydiganlarniki, uni qidirib yuradiganlarniki. Sharobning qizilligiga, qadahdagi rangiga va ajoyib quyilishiga aldanib qolma!.. Oxir oqibatda ilon kabi chaqadi, ko‘zlaring, qalbing yomon narsalarni so‘zlay boshlaydi. Dengizning o‘rtasida yonayotgan kemaning tubida uxlayotgan kabi bir holatga tushasan».-deyiladi. Huddi Tavrot kabi Yuhanno Injilining ikkinchi bobi 8-9- qismlarida bunday deyiladi: «Parvardigor Horunga dedi: «sen va o‘g‘illaring jamoat chodiriga kirganingizda sharob va muskir (mast qiluvchi) ichadiganlardan bo‘lmangiz.» Bu misollarni keltirishimizdan maqsad, mayxo‘rlik faqat musulmonlarga emas, barcha insoniyatga ta’qiqlangan. Jamiyatimizdagi ayrim odamlar buni yaxshi anglab yetmaydilar va tarbiyalaridagi farzandlariga tushuntira olmaydilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:24:31
Kishini afsuslarga soladigan yeri shundaki, bu sohadagi tarbiyani ancha kech boshlaymiz. Ayrim bolalarga chekishning zarari haqida tushuntirishga urinayotgan paytimizda ular chekish nima ekan, ichkilikning kayfini totishga ulgurgan bo‘ladilar. Bunga faqat ko‘chaning yomon ta’sirini sabab qilib ko‘rsatmaslik kerak. Asosiy sababni o‘zimizdan, baodob, tarbiyali hisoblanmish odamlardan ham izlab ko‘raylik. To‘ylarda, turli ziyofatlarda dasturxonni arog‘u kon’yaklar bilan to‘ldiruvchi kim? Ko‘cha bezorilari emasdir, a? Bolalarning ko‘z oldida ichuvchi, mast-alast holda aljirovchi, behayo qiliqlar qiluvchilar-chi? Bu bemazagarchiliklarni norasidalar kuzatib turgani hech o‘ylab ko‘riladimi? Kattalardan qolganini tatib ko‘rishlari-chi? O‘smirlar mayxo‘rlikka ko‘proq shunday joylardan kirib keladilar.
«Badmast ulfat - davraga kulfat», deb bejiz aytmaganlar. O‘smirlar jinoyat qilgan paytlarda ko‘pincha badmast bo‘ladilar. Mastlik chog‘ida hatto kattalar ham o‘zlarini boshqara olmaganlaridan keyin hali jismonan yetilmagan o‘smirning ahvolini gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirlar olamidagi jinoyatning 70 foizi aynan shu badmastlik oqibati ekan. Qotil o‘smirlarning yarmidan ko‘prog‘i jinoyat qilayotganlarida mast bo‘ladilar.
J. ismli o‘smir 17 yoshida qurilishga ishga kirdi. Hunar o‘rgana boshladi. Hunarga qo‘shib mayxo‘rlikni ham o‘rgandi. Oqibat shu bo‘ldiki, bu sohada ustozlaridan ham o‘tdi. Ishdan ketdi. Endi nafsini qondirish uchun nima qilish kerak? O‘g‘rilikdan o‘zga chorasi bormi? U atrofiga 15-16 yoshli o‘smirlardan yettitasini to‘pladi-yu, bosqinchilikni kasb etdi. Ular asosan oziq-ovqat do‘konlarini bosardilar. To‘qqizinchi bosqinda qo‘lga olingunlariga qadar maishatdan bo‘shamadilar. Hali o‘n sakkizga to‘lmagan J. bu vaqtga kelib kunda ichmasa chidolmaydigan xastalikka yo‘liqib bo‘lgan edi.
O‘smirlarning jinoyatlari o‘rganilganda mana bu holatning guvohi bo‘ldik: odamlarning uylariga o‘g‘irlikka tushganlarning 24-30 foizi mast bo‘lgan, davlat mulkini o‘g‘irlaganlarning 42-45 foizi, bezorilik bilan qo‘lga olinganlarning 75-95 foizi, bosqinchilarning 60-70 foizi, talonchilarning 60-70 foizi, nomusga tegishda ayblanganlarning 50-66 foizi, tan jarohati yetkazgan mushtumzo‘rlarning 90-100 foizi badmast bo‘lgan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:24:49
Bir xonadon sohibi badmastlikni kasb qilib olgan. Kun yo‘q-ki, ichmasa. Topganini sovuradi. Ko‘p hollarda hamshishalarini boshlab kelib, uyda maishat qiladi. Xotini ortiqcha bir so‘z aytib yuborsa, do‘pposlaydi. D. ismli bola ana shunday sharoitda ulg‘aydi. Bunaqa sharoitda ikkidan biri bo‘ladi: birinchi bo‘limda qisman aytganimizday, ichkilikka, zo‘ravonlikka qarshi kuch uyg‘onishi va o‘zi ichmay, ichganlardan hazar qiladigan, ayollarni o‘zi urmay, urganlardan nafratlanadigan tarzda yashashi mumkin. Afsuski, bunaqasi kamroq uchraydi. Ikkinchi yo‘l - «ota o‘g‘il» sifatida shu yaramas yo‘ldan yurish. D. shunday toifadan edi. Otasining maishatidan keyin shishalarda qolgan ichimliklarni ichib, mayxo‘rlikni o‘rgandi. So‘kib gapirishni odat qildi. (Shirinso‘zlikni unga kim o‘rgatsin?) Kunlardan bir kun shirakayf holatda uyga qaytib, yana er-xotin janjaliga guvoh bo‘ldi. Otasi odati bo‘yicha mushtini, tepkilarini ishga solganida uni tinchitishga urindi. Badmast ota endi o‘g‘ilga yopishdi. D. otasiga nisbatan nimjonroq edi. Unga kuchi yetmadi. Oqibat oshxonadagi pichoqni olib chiqib, otasining qorniga sanchdi. Qotillik qasddan qilinmadi. Aytarsizki, D. o‘zini himoya qildi, uni jazolamaslik lozim. Fikringizga qo‘shila olmaymiz. Chunki bu holatda ota o‘g‘lini o‘ldirish qasdida bo‘lmagan, D. o‘zini himoya qilish uchun pichoq ko‘tarmagan. U mast bo‘lgani, g‘azabini jilovlay olmagani uchun otasini o‘ldirgan. Ehtimol pichoqqa yugurganda otasini qo‘rqitmoqchi bo‘lgandir, «otam pichoqni ko‘rib shashtidan tushar», deb o‘ylagandir. Agar mast bo‘lmaganida shunday po‘pisa bilan cheklanardi. Biroq, mastlik uning hushini o‘g‘irlagan, o‘zini boshqara olish quvvatidan mahrum etgan edi. Otani o‘ldirganlarni «padarkush» deydilar. Bu holatda D.ni shunday atash mumkinmi? Qisman mumkin. Agar ota mayxo‘r emas, ongli, baodob bo‘lganida edi, janjalni D. boshlab, uni o‘ldirganida edi, «padarkush» deb atasak yarashardi. Ota o‘g‘ildan o‘lim topmoqlikka o‘zi xaridor bo‘ldi, bu o‘limini o‘zi arzongarovga sotib oldi. U-ku, o‘lib ketdi, bundaylarning boridan yo‘g‘i yaxshi, deydilar. Biroq, zurriyodining hayotini ham zaxarlab ketdi, ana shunisi chatoq!
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:25:07
Rossiyada, Yangi yil kuni tashvishli voqea yuz beribdi. Bir kishi Qorbobo kiyimida ko‘chaga chiqqan ekan. Yarim kechada 15-16 yoshlardagi uch o‘g‘il va uch qiz bolaga duch kelibdi. O‘smirlar hammasi badmast, ko‘chani boshga ko‘tarib shovqin solganlari uchun «Qorbobo» «Kech bo‘lib qoldi, uylaringga boringlar», deydi-yu, baloga qoladi. Avval o‘g‘il bolalar, so‘ng qizlar unga tashlanishib, tepkilab o‘ldiradilar. Jinoyatga aralashgan qiz bolalarni atayin ta’kid etdik. Afsuslanmasdan ilojimiz yo‘q-ki, yigirmanchi asrda tarqagan vabolardan biri - aynan yosh qizlar orasida mayxo‘rlikning ko‘payib borishidir. Yevropada 14-15 yoshli qizlarning badmastlikka mayl qo‘yishlari o‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida qariyb ikki martaga oshgan. Agar avvalroq qizlarning mayxo‘rligi asosan 15 yoshdan keyin kuzatilgan bo‘lsa, mayxo‘r qizlar ancha yosharishdi - 13-14 yoshlardagi qizlar ham militsiya nazoratiga o‘tishdi.
Ozodlikdan mahrum etilgan o‘smirlarning elliktasi bilan suhbatlashilganda shularning 12 foizigina ichmasligini aytdi. 48 foizi doimiy emas, unda-bunda icharkan. 40 foizi esa doimiy ravishda ichgan. Bolalar koloniyasining xizmatchilari biz bilan suhbatlasha turib farzandlarini yo‘qlab keluvchi ayrim ota-onalarning aroq tashlab ketishga urinishlarini afsus bilan gapirib berishdi. Chindan ham afsuslanarli hol. Bular qanday nodon ota-onalarki, bolalarini bu yerga boshlab kelgan narsaning aynan shu aroq ekanini fahm etmasalar? Ular tashlab ketgan aroq egasiga yetib bordi, deb faraz qilaylik. Uni ichib olib, mastlikda yana bir jinoyat qilsa, uch yillik qamoq muddati yana o‘n besh yilga ko‘paysa, aybdor kim bo‘ladi?
Giyohvandlikning jinoyatni tug‘dirishi haqida butun dunyo tashvishlanib gapiryapti. O‘smirlarning bu baloga tortilishi chindan ham har qanday jamiyat uchun bir ofatdir. Xumor tutib, talvasaga tushgan (koma) paytida giyohvand bir necha gram qora dori evaziga o‘z onasini o‘ldirishdan ham toymaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:25:45
Bolalar koloniyasidagi bir guruh tarbiyalanuvchilardan «nasha tortganmisiz?»-deb so‘raganimizda ularning 34 foizi «ha»,-deb javob berishdi. Bolalar va o‘smirlar orasida giyohvandlikdan tashqari «taksikomaniya» degan balo ham mavjud. Giyohvandlik ma’lum mablag‘ni talab qilsa, taksikoman ozroq pul bilan mast bo‘lishi mumkin. Masalan, bir-ikki shisha pivo ichadi-da, so‘ng boshini tsellofan xalta bilan burkab, o‘tkir hid tarqatuvchi benzinmi yo pashsha dori - dixlofosnimi hidlaydi. Shu tarzda kayf qiladi. Bu kayf oqibatda zaharlanish, hatto o‘lim bilan ham tugashi mumkin. Ko‘p qavatli uylarning, hatto ayrim maktablarning yerto‘lalari va shunga o‘xshash xilvat joylar giyohvand va taksikomanlarning rohatbahsh maskaniga aylanib qolish ehtimoli bor. Shu boisdan ham hilvat joylarni nazoratdan chetda qoldirmaslik zarur.
Biron bolaning giyohvandga aylanib qolganini eshitsak, afsuslanib: «shunday aqlli bola ularga qanday aralashib qoldi?»- deymiz. Giyohvand to‘dalar faqat o‘zlari kayflanib qolmasdan o‘zgalarni ham bu yo‘lga tortishga harakat qiladilar. Giyohvand moddalarni sotuvchilar saflariga yangi bolani tortganlarni bepul qora dori berish bilan rag‘batlantirib turadilar. Bu safga qo‘shilib qolish esa uncha murakkab emas. Giyohvandlik haqidagi hujjatli filmga stsenariy yozish uchun ma’lumotlar to‘playotganimda ko‘pgina kutilmagan voqealarga guvoh bo‘lgan edim. Mana, shulardan biri: yuqori sinf o‘quvchilari maktabni bitirish oldidan tog‘ sayriga chiqadilar. Bolalardan biri nasha o‘rab chekib, boshqalarni ham da’vat etadi. «Nima bo‘larkin?»-degan qiziqish bilan ayrimlar, jumladan, qizlar chekib ko‘rishadi. Giyohvandlik olamining eshigini ochish uchun shu birgina chekish ham kifoya qiladi. Kamdan kam bolalar keyingi chekishdan o‘zlarini to‘xtatib qola oladilar. O‘sha tog‘dagi qiziqish bilan chekish I. ismli qizni o‘ziga bandi qilib oldi. U asta-sekin giyohvandga aylandi. U yaxshi o‘qirdi. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi. Ammo ikkinchi yili tashlab ketdi. Turmushga chiqdi. Farzandlari o‘lik tug‘ilavergach, turmushi ham buzildi. Qoradoriga pul topish maqsadida oxiri o‘g‘rilarga qo‘shildi. Shu tarzda gulday umr xazon bo‘lishi mumkin edi. I. kech bo‘lsa-da, esini yig‘ib oldi. Davolana boshladi. Ba’zilar ashaddiy giyohvandlarni davolab bo‘lmaydi, deb hisoblaydilar. Bu xato fikr. To‘g‘ri, davolanish juda qiyin va uzoq davom etadigan jarayon, lekin noumid qaramaslik kerak. Giyohvandni davolash uchun dori-darmonlarning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu borada yana ikki muhim omil bor: biri - bemordagi iroda kuchi, ikkinchisi - atrofidagilarning, ya’ni siz bilan bizning unga nisbatan mehr-shafqatli bo‘lishimiz. Undagi irodaning kuch olishiga siz bilan bizning xayrixoxligimiz juda muhim. Ham jismoniy ham ruhiy azoblarni yengayotgan bemor yonida mehribonlarning turishi zarur ahamiyat kasb etadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:26:05
Uni ayblash, tanqid qilish ma’nosidagi gaplar, uzundan uzoq nasihatlar, «giyohvand bo‘lib nima orttirding?» kabi dashnomlar uni battar ezadi. Irodasini battar parchalaydi. Mayxo‘rni mayxo‘rlar, giyohvandni giyohvandlar o‘z bag‘rilariga mamnuniyat bilan olishdi, biz nima uchun ularni ko‘kraklaridan itarishimiz kerak? Nega botqoqdan tortib olishga harakat qilmaymiz? To‘g‘ri, hamma ham shunday emas, barchani birday ayblamoqchi emasmiz. Lekin mayxo‘r va giyohvand o‘smir uchun asosan uning ota-onasi va yaqinlari qayg‘uradilar. Da’voimizni o‘zgacharoq tarzda ifoda etaylik-chi: mayxo‘r yoki giyohvand o‘ziga yetti yot begona bolani bag‘riga oladi. Biz-chi, biz yetti yot begona bolani bu botqoqdan tortib, o‘zimizning bag‘rimizga olishga urinamizmi?
Tog‘dagi nasha chekish voqeasini bekorga eslamadik. Birinchi marta totib ko‘rish turli o‘smirlarda turlicha holatda bo‘ladi. Ularning ko‘proq qismiga giyohvandlarning hayoti ozod va erkin, totli va huzurbahsh ko‘rinadi.Mana shu aldamchi his, yoki havas ularni bu olamga tortib keladi. Yana ma’lum bir qismi davradagilar qo‘rqoq demasliklari uchun birinchi marta totib ko‘radi. Boshqa bir toifa esa giyohvandlar maqtagan kayf-safodan bahramand bo‘lish istagiga bo‘ysunib qoladi. Suhbatlashilgan giyohvandlarning har ikkidan biri o‘rtoqlari oldida uyalib qolmaslik uchungina nasha chekishni boshlaganlarini aytishdi. Davolanayotgan giyohvandlar bilan suhbatlashilganda ularning 25 foizi ko‘chada, ulfatchilikda o‘rganganlarini bildirishdi. 12 foizi diskotekada orttirgan tanishlaridan o‘rganganini, yana bog‘da sayr qilib yurib, to‘daga duch kelganini yoki yotoqxonalardagi tanishlari taklifi bilan totib ko‘rganlarini aytishdi.
(Jinoyatchilar haqida gapirganimizda «o‘smir» deb asosan o‘g‘il bolalarni nazarda tutyapmiz. Bunga sabab jinoyatchilarning o‘ndan to‘qqiz qismini o‘g‘il bolalar o‘ndan bir qisminigina qizlar tashkil etadi. Avvallari qizlarning asosiy qismi chayqovchiligi yoki o‘g‘riligi uchun qamalardi. Hozir jinoyat turlari o‘zgardi. Endi «chayqovchilik» deb atalmish jinoyat turi yo‘q. Oldi-sotdi erkin tarzda. Hozir qizlar o‘g‘irligi yoki o‘g‘rilarga sherikligi, tovlamachiligi, giyohvandligi yoki giyohvand moddalarni sotish bilan shug‘ullanganligi kabi jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etiladilar. Ular orasida og‘ir jinoyatlar juda kam, yo‘q darajada desak ham bo‘ladi.)
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:26:31
Jinoyatchilar orasida ruhiy xastalar ham uchraydi. Ular qamalmaydilar, maxsus muassasalarda davolanadilar. Mayxo‘r va giyohvand jinoyat qilayotgan paytida ruhiy xastadan farqlanmaydi. Ammo ruhiy xastalarning kasalligi tabiatdan, mayxo‘r va giyohvandlar esa o‘zlarini o‘zlari majburlab shu holga olib keladilar.
O‘smirlarning ruhiy holatini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ancha mushkul masala. Agar biron ota-onaga «farzandingizni psixiatr ko‘rigidan o‘tkazing», desangiz ular «nima, mening bolam jinni ekanmi?» deb ranjishlari tabiiy. O‘smirlik olamiga o‘tayotgan boladagi biologik o‘zgarishlarni aytgan edik. Ruhdagi o‘zgarishlar ham ana shuning natijasi o‘laroq yuzaga keladi. (Tibbiy tilda buni «ruhning parchalanishi» deb nomlanishini aytdik.) Bir maktab o‘quvchisining yurish-turishi, gap so‘zlarida o‘zgarish seziladi. U dugonalariga ham, muallimlariga, hatto ota-onalariga ham qo‘pollik qila boshlaydi. O‘qish haqida o‘ylamay qo‘yadi. Tibbiy sohadan bir oz bilimi bo‘lgan muallima qizning ota-onasiga uni psixiatr vrachga ko‘rsatishni tavsiya qilganida avval baloga qolay deydi. Qizning fe’l-atvori yomon tomonga qarab o‘zgarib boravergach, ota-ona noiloj vrachga uchraydilar. Tajribali psixiatr o‘smir qizdagi o‘zgarishning sababini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, qizchaning oshqozon va ichagida xastalik yuz ocha boshlagan. Buning oqibatida u jinsiy jihatdan balog‘atga yetish bobida dugonalaridan ortda qolgan. O‘g‘il bola ham, qiz bola ham bunaqa paytda ruhan tushkunlikka tushadi. Ulardagi ruhning parchalana boshlashiga ichki kasallik ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, oiladagi nobop holatlar, ya’ni er-xotin janjallari, erning xotinni do‘pposlashi kabi voqealar ham bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolaning ruhiyatida o‘zgarish bo‘ldi, degan gap vrach tomonidan darrov jinnixonaga yotqiziladi, degani emas. Psixiatrdan tashqari ruhshunos (psixolog) degan mutaxassislar ham bor. Ko‘pgina o‘smirlarga aynan ularning yordamlari zarur bo‘ladi. Afsuski, ota-onalar ularga ham kam murojaat qiladilar. Kunlari folbinlarga yugurish bilan o‘tib, vaqtni boy beradilar.
K. ismli bola ham ota-onaning be’etiborligi oqibatida jinoyat ko‘chasiga beihtiyor kirdi. Buni ilmiyroq ta’birda: «ihtiyorida bo‘lmagan, boshqarishga qurbi yetmagan ruhiy kuch ta’sirida jinoyat qildi», desak ham bo‘ladi. K. bolalik chog‘idayoq aqlan zaifligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Hozir o‘qishni eplay olmagan bolalar sinfda qoldirilmaydi. Har qanday sharoitda ham unga «uch» baho qo‘yib bo‘lsa-da, sinfdan sinfga o‘tkazadilar. Ilgari bunday emasdi. Bir sinfda ikki hatto uch yil o‘qiydiganlar uchrardi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:32:53
Ularning aksari dangasaligi uchun emas, aqlan zaifligi uchun darslarni o‘zlashtira olishmasdi. Ota-ona va o‘qituvchilar esa uni zo‘r berib yaxshi o‘quvchiga aylantirishga urinaverishardi. Hozir beshinchi-oltinchi sinfga qadar ham muallimlar bunday bolalarni chidam bilan o‘qitaveradilar. Tasavvur qiling: harf taniy olmagan bola oltinchi sinfda o‘qisa?! K. ham shunday edi. Muallimlar uning aqlan zaifligini sezishardi, ota-onasiga tushuntirishga harakat qilishardi, biroq, ular «mening bolamni jinniga chiqaryapsanlarmi?»- deb janjal ko‘tarishardi. Ular hatto alohida muallimlar yollab K.ni qo‘shimcha ravishda o‘qitishdi. Foyda bo‘lmadi. Ular «dushmanlarimiz bolamizni duo bilan bog‘lab tashlashgan»,- deb folbinlardan mo‘’jiza kutishdi. To‘g‘ri, K. jinni emas edi. U faqat atrof muhitni aqlan tanishda g‘oyat sust edi. Ko‘rganini tahlil etish, xulosa chiqarish qobiliyatidan mahrum edi. Shu bois biron noto‘g‘ri ish qilayotganini o‘zi anglab yetolmasdi. K. ota-onalarining istagi bilan sakizinchi sinfni bitirdi. So‘ng uni ishga joylashdi. K. dastyorlikni ham eplab bajarolmasdi. U yoshi kattaroq ishchilar uchun ermak edi. Uni masxaralab kulardilar. Ba’zan masxara bo‘layotganini anglab, achchiqlanardi. Ba’zan esa odamlarning nima sababdan kulayotganlarini bilolmay ajablanardi. Oqibat shu bo‘ldi-ki, K. doimiy masxaralanayotgani uchun ularni jazolashga ahd qildi. Jazoni o‘zi belgiladi. Ishxonadagilar uchun ermak bo‘lmish magnitolani o‘g‘irladi. Esi butun odam bu ixcham magnitolani kunduz kuni ham olib ketishi mumkin. Chunki ishchilarning dam oladigan xonasi hamisha ochiq bo‘ladi. K. esa kechasi kelib, eshik qulfini buzdi. Buyumni olib chiqib ketayotganida qorovul uni to‘xtatdi. K. esa guvohdan qutulmoqchi bo‘ldi. Bu ishda K. aybdor deb topildi. Undagi ruhiy xastalik jinoyatga yetaklovchi sabab, degan xulosaga kelinmadi. Buni biz elektr lampochkaga qiyoslaymiz: buragichni burasangiz, lampochka o‘chadi. Ruhiy xastalik ham shunday. Ma’lum muddatda ongi tamoman xiralashadi, ro‘parasidagi oq-qorani ajrata olmaydi. Keyin esa lampochka yorishgani kabi odatdagiday yashayveradi. Agar K.ning aqli raso bo‘lganida qorovulning joniga qasd qilmasdi. «Shu magnitofon zarur bo‘lib qoldi, ertaga olib kelaman»,- deb ketaverardi. Qorovul ham «sen o‘g‘irlik qilding»,- deb yoqasidan bo‘g‘magan edi. Ammo, nailoj, ruhiy kasalliklarga doir fanning bu masalalarga qarashi o‘zgacha. Shunday ekan, ruhan xastaligi sezilgan o‘smirlarni nazardan qochirmaslik kerak. Ularning har bir harakatlari, gaplari ota-ona, qarindosh-urug‘ning e’tiborida turmog‘i lozim. Ularni masxaralab kulish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik shart.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:33:07
Aqlan zaiflarni xalqimiz orasida turlicha nomlaydilar: tentak, ahmoq (aqlsiz), telba, merov, devona, jinni. (Yoki devonasifat, jinnisifat...) Tibbiyot sohasida ham buni turlarga ajratib o‘rganadilar, jinoyatga doir holatlarda ana shu turlar inobatga olinadi. Bu sohada «shizofreniya» (aqlan zaiflikning, boshqacha aytganda ruh parchalanishining boshlanishi) deb nomlanmish xastalikning bolalikka xos ekanini unutmaslik kerak. Mutaxassilarning aniqlashlaricha, bu xastalik qizlarga nisbatan o‘g‘il bolalarda uch marta ko‘proq uchrarkan. Bu dalil kimlarga ko‘proq e’tibor bermoq lozimligini ko‘rsatadi. Kattalar mazkur xastalikning dastlabki davriga e’tiborsiz qaraydilar yoki buni bolaning injiqligi, tarbiyasizligi yoki asabiyligi natijasi, deb o‘ylaydilar. N. ismli qizning taqdiri ham shunday bo‘lgan. 12 yoshiga qadar yaxshi o‘qib, yaxshi yurgan qizcha dastlab injiqlik boshlangan. Ota-onasi buni o‘smirlikka o‘tish jarayonining alomati, deb hisoblashgan. Keyin gapga quloq solmaslik, gapga ters javob qaytarishlikka o‘tilgan. Keyin asabiy ravishda qo‘liga nima tushsa otib yuborish boshlangan. Uning kulib yuborishi ham, asabiylashishi ham oson bo‘lib qolgan. Maktabda hatto bolalar ham undan qo‘rqadigan bo‘lib, «psix» deb laqab qo‘yib olishgan. Maktab undan tezroq qutilish choralarini izlagan, u «bezori» sifatida militsiya nazoratiga ham o‘tkazilgan. Lekin militsiya uning hatti-harakatida jinoyatga moyillikni sezmagani uchun jiddiy e’tibor bermagan. N. 16 yoshga to‘lganida otasi vafot etgan. Otadan ajralgani haqidagi xabarni mutlaqo hissiz ravishda qabul qilgan. G‘assol ish boshlamay turib «otang bilan xayrlashib ol», deb chaqirishganda o‘likka qarab turib kulib yuborgan. Birov «jinni bo‘lib qolibdi», degan, boshqasi «o‘tkinchi holat», deb hisoblagan. 17 yoshga to‘lganida diskotekada tasodifiy tanishgan yigitga onaning rizoligisiz, to‘ysiz erga tegadi. Oradan ko‘p o‘tmay ajralishadi. Onasining gaplariga mutlaqo quloq solmaydi. Batafsil bayonimizdan sezayotgan bo‘lsangiz kerak, oddiy injiqlik ko‘rinishida boshlangan xastalik asta-sekin kuchayib boryapti. Uning so‘ng nuqtasi shu bo‘ldiki, onaning navbatdagi nolishidan bezib uni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Keyin murdani joyiga yotqizib qo‘yadi. Shunda o‘lik unga qarab kulganday tuyuladi. N. oshxonadan boltani olib chiqib, kallani chopadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:33:21
Keyin charchaganday bo‘lib, yotib uxlaydi. Uyqudan turgach, boshi chopilgan onasini ko‘rib dahshatga tushadi-da, militsiyaga yuguradi. U tergov paytida ham, sud jarayonida ham hatti-harakatlarini tushuntirib bera olmadi. Birovlar uning vahshiyligidan dahshatga tushishgan bo‘lishsa, boshqalar shu paytgacha xastalikni davolatishga urinilmaganidan ajablanishdi. Sud N.ni maxsus ruhiy shifoxonada uzoq muddatli majburiy davolashga hukm etdi. Endigi davolanish qanday samara berar ekan? Shifo topgan taqdirda ham boshi uzilgan onasining qiyofasini unuta olarmikan?
Ruhiy xastalikka doir tibbiyotda tutqanoq, manikal-depressiv psixoz, miyaning lat yeyishi oqibati, turli kasalliklarning asorati hisoblanmish entsefalit kabi o‘nlab turlari mavjudki, bularning aksari bolalikda boshlanadi va mutaxassislarning fikricha, muolaja vaqtida boshlansa yomon oqibatlarning oldi olinishi mumkin.
Matbuotda bir jinoyat tafsilotini o‘qib qoldim. Unda bir yigitchaning o‘z kennoysini o‘ldirishi tafsiloti berilgan. Qotil jinoyat sodir bo‘lishidan ancha avval boshidan jarohatlangan ekan. Shundan keyin bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib yuravergan. Sud jarayonida u tibbiy tekshiruvdan o‘tganda ruhiy kasallik yo‘q, deb xulosa berishgan. Ularning ta’kidlashlaricha, qotil kennoyisini dazmol bilan urishdan oldin uni elektr tokidan uzgan, murdaning ustidan qaynab turgan sho‘rvani quyishdan avval gazni o‘chirgan, uydan chiqishda eshikni qulflagan. Tibbiy tahlil buni esi sog‘likning belgisi, deb belgilagan. Biz bu borada ular bilan bahslashmaymiz, qotilni ko‘rmaganmiz, u bilan suhbatashmaganmiz. Lekin boshining jarohatlanishi tufayli xastalikdan nolib yurishi bejiz bo‘lmagandir. Kennoyisi bilan janjalni boshlaganida ehtimol, esi sog‘ bo‘lgandir. Ammo asabiylasha boshlagach, undagi ruhning parchalanishi tezlashgan, nima qilayotganini o‘zi ham bilmay qolgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki ongi xiralashmagan holatida kennoyisini dazmol bilan ura boshlasa, uning joni chiqqanini ko‘rgach, qo‘rquv talvasasiga tushadi. Murdaning ustiga qaynab turgan sho‘rvani ag‘darishi uning ayni o‘sha onlarda xastalikka bandi bo‘lganini bildirmasmikin? Bunday xastalik doimiy davom etmaydi. Buni xalqda «jinniligi (yoki kasalligi) tutib qoldi», deb ham ataydilar. Qotil bilan kennoyi orasidagi janjalni keltirib chiqargan yana bir omil bo‘lishi mumkinki, bu haqda yana bir jinoyat tafsilotini bayon qilgach, fikrlashamiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:33:55
Biz qaynona-kelin munosabatlari haqida ko‘p gapiramiz. Ammo qayni (yoki qaynog‘a) - kelin orasidagi munosabat e’tiborimizdan chetda qoladi. Agar qayni yosh bola bo‘lsa kennoyisi uni o‘z ukasiday ko‘rib, mehribonlik qiladi. Yosh qayni ham kennoyisini o‘z opasini yaxshi ko‘rganday izzat qiladi. Lekin o‘smirlik olamiga kirgan qaynida o‘zgacha xis uyg‘onishi ehtimoli ham bor. Buni «orada shayton bor», deydilar. Tibbiy tilda aytilsa, o‘rtada hirs degan jilovlanmas tuyg‘u bor. Aka va uka yigirma yilning nari-berisida hamisha birga bo‘ladilar. Xatto bir xonada yotib-turadilar. Aka uylangach, uka yolg‘iz qoladi. Kech tushganda kelin-kuyovning yotoqlariga kirib ketishlari o‘smir ruhiga sezilarli ta’sir etadi. U tuni bilan to‘lg‘onib, uxlamay chiqishi ham mumkin. Bunaqa paytda uning ongini hirs zaxarlay boshlaydi yoki akasidan ayirib qo‘ygani uchun kennoyisidan nafratlandi. Boshqacha aytsak, o‘ziga xos rashk paydo bo‘ladi.
Dam olish kuni aka ukasiga pul berib, pivo oldirib keladi. Akaning mehribonligi tutib, ukasini ham pivo bilan siylaydi. Suhbatlashib o‘tirib gap kennoyisiga borib taqalganda, uka «xotiningni xaydab yubor, oyimni hurmat qilmaydi», deydi. Ma’lumingizkim, xonadonda qaynona-kelin orasida janjal chiqsa, qayni hamisha kennoyisiga qarshi turadi. Onasining nohaqligini bilib tursa ham, uning yonini oladi. Pivodan sarxush ukaning talabiga faqat onaga bo‘lgan behurmatlik sabab emasdi. Asosiy sabab - yuqorida zikr etganimiz ruhiy holat edi. Ammo bu ichki sirning hech zamon sirtga chiqarilmasligi ham ma’lum narsa. Xullas, aka-uka orasida janjal boshlanib, uka panshaxani akasining ko‘ksiga sanchadi. Jinoyat sodir bo‘lgandan keyingina ota-ona «bolamda ruhiy kasal bo‘lsa kerak, bo‘lmasa akasini o‘ldirarmidi», deb da’vo qilishadi. Biz barcha qaynilar kennoyisiga nisbatan shunday munosabatdalar, degan da’vodan yiroqmiz. Biroq, ota-onalar bu masalaga e’tiborsiz qaramaganlari ma’qul, deb hisoblaymiz. Ayniqsa yigitchalarning kennoyilari bilan bir uyda yolg‘iz qolishlariga yo‘l qo‘yilmagani ma’qul. Chunki orada o‘smir ruhini osongina parchalashga qodir shayton alayhila’na bor...
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:34:09
Shahardagi jinoyat bilan qishloqdagisini ayri-ayri holda tahlil etmoqlik talab qilinadi. Shaharda o‘smirning jinoyat ko‘chasiga kirishi osonroq. Shaharda jinoyat qilish uchun ham, uning izini yopish uchun ham sharoit qishloqdagidan yaxshiroq. Shaharda o‘smirning nazoratsiz bo‘sh vaqti ko‘p, qishloqdagi o‘smir bu imkoniyatdan mahrum. Shaharda ko‘cha «zo‘r»lari, nashavand, giyohvand to‘dalari yetarli, O‘smir ba’zan o‘zi istab, intilib, ba’zan beihtiyor ravishda ularga qo‘shiladi. Qishloqda bu imkoniyat ham cheklangan. Shu kabi sabablar tufayli shaharda jinoyatchilik qishloqdagidan ko‘ra ko‘proq. Jinoyat turlarida ham sezilarli farq mavjud. Qotillik, nomusga tegish, katta miqdordagi o‘g‘irlik yoki bosqinchilik qishloqda kamroq uchraydi. Qamalib chiqqan yoki bo‘ysunmas o‘smirni qishloqda nazorat qilish osonroq. Ko‘pchilikning nazoratida ostidagi o‘smirni jinoyat ko‘chasining ostonasida ushlab qolish imkoniyati mavjud.
Avvaldan puxta o‘ylangan, rejalangan jinoyatlar ham qishloqda kamroq uchraydi. Bu yerdagi jinoyatlarning ko‘pi tasodif tufayli bo‘lishi mumkin yoki kattalar tomonidan uyushtiriladi. Toshkent yaqinidagi shaharchada ikki o‘smir telefon kabelini kavlab o‘g‘irlayotganda qo‘lga tushishadi. Ularni kattalar ishga solgani shubhasizdir. Ular oddiy narsani - kabelning bir yeri kesilsa o‘sha zahoti kuzatuvchilarga signal berilib, ma’lum bo‘lishini bilmaganlar. Shuningdek, davlatga to‘rt million so‘m (to‘rt ming dollar atrofida) zarar keltirganlarini xayollariga ham keltirmaganlar. Bu ishga da’vat qilgan kattalar ularga o‘n dollar va’da qilganlar. O‘smirlar kabeldagi mis va qo‘rg‘oshin qoplamalar eritilib, sotilishidan ham bexabar bo‘lganlar. Nazoratchilar yetib kelishganda o‘smirlardan biri qochgan, qo‘lga tushgani esa «kabelni bir o‘zim olyatuvdim»,- deb turib olgan. «Nima uchun belkurak ikkita edi?»- degan savoldan keyingina sherigini aytgan. Shunda ham ish buyuruvchilarning kimligini aytishmagan. «Bozorda ko‘ruvdik, tanimaymiz»,- deb turib olishgan. Kattalar o‘n dollar va’da qilishganda ishning bu tomonini pishiqlab qo‘yishgani aniq. O‘smirlarning ota-onalari uchun bu jinoyat arzimas gapday tuyulgan. Kabelni kavlabdi, kesibdi... Shunga shunchami? Bolalikda bunaqa bevoshlik bo‘lib turadi-da. Moddiy zarardan tashqari agar o‘sha aloqa vositasi mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lsa-chi? Yoki kasalxonalar ma’lum muddat aloqasiz qolgan bo‘lishsa-chi? Shu tufayli bemorga vaqtida yordam berilmasa-chi? Ota-ona bularni o‘ylamaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:34:24
Ular birinchi galda bolalarini qamoq jazosidan qutqarib qolmoq tashvishidan bo‘ladilar. Militsiyadagilarni ko‘ndirishgach, ular mehribonlik qilib bolalarni qutqarish «yo‘li»ni o‘rgatadilar. Da’vo qiluvchi tashkilot, ya’ni aloqa idorasi «da’voimiz yo‘q», deb ariza bersa, bollarni qo‘yib yuboramiz»,- deyishadi. Shubhasiz, ota-ona shu idora rahbariga uchraydilar, avvaliga yalinadilar, so‘ng «Senda vijdon bormi, bolalarni juvonmarg qilasanmi!»- deb koyishadi, ayblashadi. Qarang, ota-ona jinoyat qilgan bolasini emas, jabr ko‘rgan idorani ayblayapti. Aytaylik, aloqa idorasi da’vosidan voz kechib, moddiy zararni davlat hisobidan qopladi. Ya’ni ta’mir ishlari davlat hisobidan bo‘ldi. Bolalar ozod etildi. Ehtimol ular bu ishga boshqa qo‘l urishmas. Lekin ishboshi kattalar boshqalarni da’vat etmaydilarmi? Boshqalar «qo‘lga tushsak baribir qamalmas ekanmiz», deb ishga kirishmaydilarmi?
O‘smir hali bola yoshidayoq o‘zini boshqalar bilan taqqoslaydi. Ham husnini, ham kiyim-boshini, ham oila va maktabdagi mavqeini solishtiradi. Bu degani uning qalbida rashk, o‘zining omadsizligidan norizolik uyg‘ona boshlaydi. Bu illat keyinchalik boshqa bir illatni uyg‘otadi uni o‘ch olishga undaydi. O‘ch olish avval kichik doirada bo‘ladi. Masalan, o‘smirning ko‘ngil qo‘ygan qizini boshqa bir boyroq yoki chiroyliroq yoki e’tiborliroq bola o‘ziga qaratib olsa uning adabini berib qo‘yish chorasini izlaydi. Agar jismoniy jihatdan kuchi yetmasa turli pastkashliklardan: chaqimchilik, tuhmat, biron buyumiga yashirinchi shikast yetkazishlardan ham qaytmaydi. Bir ko‘chada yashovchi badavlatroq xonadonning ko‘chada qoldirgan avtomashinasini kimdir mix bilan chizib tashlaydi. Bu voqea takrorlangach, aybdorni poylab, ushlashadi. Ma’lum bo‘lishicha, shu xonadon farzandining sinfdoshi o‘ch olish maqsadida shunday qilar ekan. Mayda o‘ch olishlar shu bilan tugay qolsa koshki edi. Bu norozilik bola ulg‘aygani sayin kuch to‘play boradi. Endi ular alohida shaxsdan emas, jamiyatdan o‘ch olishni reja qiladilar. Ularni jinoyat olamiga aynan shu illat boshlab kiradi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:34:42
Ana shunday omadsizlardan biri o‘ziga xos to‘da to‘playdi. Uning o‘zi o‘qishni yaxshi ko‘rsa-da, oliy o‘quv yurtiga kirolmagan, bolalik orzulari xazonga aylangan. Yoniga olgan sheriklari ham shunday: birining sportda, boshqasining musiqada, yana birining tijoratda omadi yurishmagan. Ular o‘zlarini hayotda adolatsiz ravishda jabr ko‘rgan hisoblab, omadlilarni jazolashga o‘tganlar. Jazolaganda ayovsiz, shavqatsiz bo‘lganlar. Ham talaganlar, ham o‘ldirganlar. Ular qo‘lga olinganlarida ma’lum bo‘lishicha, to‘daboshi ichmas, chekmas, ayollar bilan maishat qilmas ekan. Topilgan pulning oz qismi bilan qanoat qilarkan. Holbuki, talonchi va bosqinchi to‘dalarning asosiy maqsadlari - boyish va maishat qilishdan iborat. To‘daboshida bunday istak yo‘q ekan. Uning niyati - faqat o‘ch bo‘lgan.
O‘tgan asrning oxirrog‘ida Rossiyada sodir bo‘lgan jinoyatlar shodasi barchani o‘ylab ko‘rishga da’vat etadi. O‘ndan ziyod qiz-juvonni zo‘rlab, keyin o‘ldirib, so‘ng esa go‘shtidan chuchvara tugib yegan odamxo‘rning jinoyat yo‘lini ham o‘ch-qasos olish istagi belgilagan. Uning onasi suyuqoyoq bo‘lgan ekan. Ona uyga erkaklarni boshlab kelganida, u turli bahonalar bilan ko‘chaga chiqarib yuborilgan. Aynan shu holatlarda unda avvalo ayol zotiga nafrat, so‘ng esa jamiyatdan o‘ch olish hissi uyg‘ongan. Katta bo‘lgach esa, u bolalikdagi xayollarini amalga oshirishga kirishgan.
Jamiyat tomonidan beriluvchi jazo masalasini dunyo mamlakatlari o‘zlariga hos tarzda yechadilar. Masalan, Frantsiyada 18 yoshga to‘lmaganlar qamoqqa olinmas ekan. Biz o‘quvchi bolalarni maktabning o‘zida jazolash (Muallimlar tomonidan urish) tarbiyaga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaymiz. O‘tmishda qo‘llanilgan bu usulni qoralaymiz. Amerikaning 13 shtatida esa bu masalaga o‘zgacha qarashadi. Bu shtatlarda qabul qilingan qonunga ko‘ra maktab muallimlari bevosh bolalarni jazolash huquqiga egalar. Bizda esa bo‘ysunmas bolalarga «koloniyaga berib yuboraman», deb do‘q uriladi xalos. Bunday do‘qdan cho‘chib yaxshilik tomon burilgan bolani hali hech kim uchratmagan bo‘lsa kerak. Bola bezor qilavergach, maktab ma’muriyati uni militsiya nazoratiga topshiradi. Ammo bu ham yetarli samara berolmaydi. Chunki bolani ro‘yxatga olgan militsiya noziri uning har bir qadamini doimiy ravishda kuzata olmaydi, bu - birlamchi. Bolani tarbiyalash bilan mutlaqo shug‘ullanmaydi, faqat nazorat qilish bilan cheklanadi bu - ikkilamchi. Uchinchi tomoni shuki, nozir faqat o‘smirning o‘zini kuzatadi, unga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan, jinoyat sari yetaklayotgan kattalarni nazorat qila olmaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:34:58
Angliyada politsiya bola fe’l-atvorini o‘rganishni bog‘chadan boshlar ekan. Bog‘chada o‘yinchoqlarni zo‘ravonlik bilan tortib oluvchi, o‘rtoqlarini berahmlik bilan uruvchi, yoki chaqimchilik qiluvchi va shunga o‘xshash yomon illatlarga moyil bolalar ro‘yxatga olinib, kuzatib borilarkan. Ehtimol bu to‘g‘ri usuldir, o‘rtoqlarini berahmlik bilan uruvchi bola agar to‘g‘ri tarbiya qilinmasa kelajakda qotillikdan toymas bo‘lib chiqar. Kezi kelganda bizdagi bolalarni nazorat qiluvchi militsiya nozirlari haqidagi fikrimizni bayon qilsak: militsiyaning nazorat ro‘yxatiga tushdi, degani bolalarni yomonlikdan oz bo‘lsa-da, to‘xtatib turishini tan olmoq kerak. Ammo bu o‘rinda «qanday odam militsiya nazoratchisi bo‘la oladi?» degan muammo ham mavjud. Avvalgi bo‘limda to‘garaklarning rahbarlari birinchi galda tarbiyachi bo‘lmoqliklari lozim, degan fikrni bildirgan edik. Shunga ko‘ra militsiya nazoratchilarining tarbiyachi martabasida bo‘lishlari g‘oyat zarurdir. O‘smirga do‘q urib «nima qilib yuribsan, ishlayapsanmi yo o‘qiyapsanmi, bekor laqillab yursang qamatib yuboraman», degan bilan ish bitmaydi. Militsiya noziri o‘smirlar boshi uzra qamchi o‘ynatuvchi emas, yaqin, ishonchli, maslahatgo‘y do‘st maqomiga yetmas ekan, uning xizmatidan naf kam. U adashgan o‘smirga bevoshlik ko‘chasidan chiqib ketish yo‘lini ko‘rsata oladimi? Yechimi mushkul masala aynan shu yerda. (Bu masalada keyingi bobda alohida fikrlashamiz)
O‘smirlarning jinoyat ko‘chasiga kiruvlari jamiyatning og‘riq xastaliklaridan biridir. Sovetlar davrida buni kapitalizmga xos illat deb ta’riflashardi. Sovet jamiyatida o‘smirlar orasida jinoyatchilikning oshib borishini tan olgilari kelmay, ko‘p ma’lumotlarni yashirishardi, yoki kamaytirib ko‘rsatishardi. Oqibat shu bo‘ldi-ki, kasalni yashirganlari bilan isitmasi oshkor qildi. «Boburnoma»da zikr etilganidek:
Hazar kun zi dardi darunhoi resh,
Ki reshi darun oqibat sar kunad,
Baham bar mazan to tavoni dile,
Ki ohe jahone baham barzaad.
(Ya’nikim, ichki yaralar dardidan hazar qil! Chunki ichki yara axir yuzaga chiqadi. Qo‘ldan kelganicha har bir dilga ozor berma! Dildan chiqqan bir oh bir jahonni barbod qiladi.)
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:35:27
Donolar bashorat qilganday bo‘ldi - ichki yaralar yuzaga chiqdi.
Jinoyatning ildizi qaerda? O‘tmish jamiyat faylasuflari insonni inson tomonidan ezib ishlatilishi, shahsiy mulkchilik tuzumi va yaratilgan ne’matlarning bo‘linishidagi adolatsizlik - jinoyatni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardir, deb hisoblashardi. Ajablanarlisi shundaki, jinoyatning bu ijtimoiy-siyosiy sabablari sovet tuzumi davrida yo‘qotildi. Ammo jinoyatning o‘sib borish jarayoniga barham berishga ojizlik qilindi. O‘sha davrning va o‘sha jamiyatning olimlari bu xolni avvaliga «kapitalizm qoldiqlari» deb baholashdi. Keyinroq esa «burjua ideologiyasining o‘smirlar va yoshlar ongiga zararli ta’siri», deb ta’rifladilar. Ularning da’volaricha, kapital dunyosi mafkurasi va g‘oyasi tinimsiz ravishda, turli vositalar yordamida o‘smir va yoshlar ongini zaxarlashga urinar ekan. O‘sha davrda bu xususda e’lon qilingan maqolalarning birida fikrlarining isboti tariqasida aytilishicha, «Amerika ovozi» radiostantsiyasi turli kanallar orqali 37 tilda, umumiy hisobda kuniga 80 soat radioeshittirishlari berarkan. Shundan 56 soati SSSR va boshqa sotsialistik mamlakatlar aholisi uchun ekan. Yana kapitalistlarning «Taym», «Luk», «Layf» kabi jurnallari ham bor ekan-ki, bular ham burjua targ‘ibotiga xizmat qilarkan. O‘sha zamonning haqiqati shu ediki: nim yaxshi bo‘lsa - sovet turmush tarzi, nima yomon bo‘lsa burjua mafkurasining ta’siri. G‘oyalar va mafkuralar kurashi mavjudligi aniq, buni inkor etib bo‘lmaydi. Iqtisodiy manfaat mavjud ekan, bunday kurash va ziddiyat turli mamlakatlar orasida saqlanib qolaveradi. O‘tmish mafkurachilarining da’volari asossiz ekanini anglash uchun o‘rtaga bir savol qo‘yish lozim bo‘ladi: o‘smirlar va yoshlar orasida jinoyatchilik ko‘payib borayotganiga burjua mafkurasining zararli ta’siri sabab ekan. Durust, u holda jinoyat tufayli qamalganlardan so‘rash joizmikin, ular «Amerika ovozi»ni eshitganmikinlar, «Taym» va boshqa jurnallarni o‘qiganmikinlar? Sovet mafkurachilari qoralagan mafkura vositalari asosan siyosiy yo‘nalishda kurash olib borardilar. Ularda sovet turmush tarzining yaramas tomonlari fosh etilardi. O‘g‘irlikka, qizlarning nomusiga tegishga, odam o‘ldirishga, poraxo‘rlikka, talonchilikka... targ‘ib qilinmas edi-ku?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:35:55
Undan tashqari «Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi» degan narsalar mavjud edi-ku? Nahot sovetcha targ‘ibot burjuacha da’vat oldida ojiz bo‘lib qolgan bo‘lsa? U zamonlarda bular haqida o‘ylanmas edi, hamma aybdorlarni chetdan qidirish bilan mashg‘ul edi. Haqiqat esa o‘zgacharoq edi. Asosiy maqsaddan bir oz chalg‘isak-da, bugungi jinoyatlar ildizini aniqlashga yordami tegar, degan maqsadda ayrim dalillarga murojaat etmoqchimiz:
Sovetlar hukmronligining so‘nggi o‘n yilligida bolalar va o‘smirlar orasidagi jinoyatchilik keskin darajada o‘sdi. Jinoyatchilikni kamaytirish emas, uning o‘sishini to‘xtatish masalasini yechish ham mumkin bo‘lmay qoldi. Bu o‘sishni selga yoki qor ko‘chkisiga o‘xshatsak lof urmagan bo‘lamiz. Bugun Rossiya va uning qo‘shnilari bo‘lmish mamlakatlardagi uyushgan jinoyatchilik, yollanma qotillik, hatto jinoyatchilikning siyosiy o‘yinlarga aralashuvi natijasidagi fojialar sir emas. Xo‘sh bu yovuzliklar qachon tug‘ila qoldi? O‘tgan asrning saksoninchi-to‘qsoninchi yillarida jinoyat olamiga kirib kelgan o‘smirlar bugungi kunga kelib o‘ljalarini o‘ldirayotganda qo‘llari qaltiramaydigan ashaddiy qotilga aylanishgan. Bugungi «qonundagi o‘g‘rilar» endigina kissavurlikni o‘rganayotgan damlarda, ya’ni 1980-1990 yillar oralig‘ida, «bepoyon» deb sifatlanmish sovetlar mamlakatidagi jinoyatchilik bir hilda rivojlanmagan edi. Shu tufayli ular uch darajaga bo‘lingandi. Birinchi darajaga bolalar va o‘smirlar orasidagi jinoyatchilik benihoya tarzda o‘sayotgan jumhuriyatlar kiritilgan. Ya’ni Estoniya, Latviya va RSFSR bu borada «qora ro‘yxat»ning avvalida turardilar. Ikkinchi darajani Belorusiya, Moldova va Litva egallagandilar. Kavkaz va O‘rta Osiyo jumhuriyatlari so‘nggi pog‘onalarda turardilar. O‘sha yillari Latviyada har yuz ming aholiga hisoblaganda 857 jinoyat to‘g‘ri kelgan. Bu raqam butun SSSRga qiyosan olinsa, yigirma besh foiz ko‘proq degan gap edi. Rossiya va Estoniyada bu ko‘rsatgich yanada yuqori bo‘lgan. Biz o‘rganayotgan o‘n yillikda bu yurtlarda o‘smirlar orasidagi og‘ir jinoyatlar 30 foizga oshdi. Shundan, qotillik uch martaga, nomusga tegish, bosqinchilik va talonchilik esa ikki baravarga ko‘paydi. Latviyaning poytaxti hisoblanmish Riga shahrida mamlakat aholisining uchdan bir qismi istiqomat qiladi. Jinoyatlar soni taqsimlansa, Latviyadagi jinoyatlarning teng yarmi uning poytaxtiga to‘g‘ri keladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:36:22
Shaharda har kuni 30-35 jinoyat ro‘yxatga olinsa, shuning 10-15tasini o‘smirlar amalga oshirar edilar. O‘smirlarning jinoyat olamiga kirib qolishlariga iqtisodiy qiyinchilikni sabab qilib ko‘rsatuvchilar mana bu dalilni o‘ylab ko‘rsalar durust bo‘lardi. Latviya va unga qo‘shni mamlakatlarda yashovchilar sovet davrida O‘zbekiston aholisiga nisbatan iqtisodiy jihatdan yaxshiroq ta’minlangan edilar. Bizda topilishi qiyin mahsulotlar, tansiq ne’matlar ularda to‘kin-sochin ekanini raqamlar ham tasdiqlaydi, borgan odamlar esa to‘kinchiliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib hayratlanib kelardilar. Asli bir bo‘lgan mamlakatda ana shunday noinsoflik mavjud edi. Masalaning bu tomonini siyosatchilarning e’tiboriga havola qilamiz. Biz esa iqtisodiy jihatdan kamroq ta’minlangan O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar orasidagi jinoyatchilik to‘kin-sochin Latviyaga nisbatan ikki baravar kam bo‘lganini ta’kidlab o‘tamiz. Sovetlar davrida hamisha maqtovga sazovor bo‘lgan Moskvadaga ahvolga faqat achinish mumkin. 1990-2000 yillar mobaynida Yevropaning eng katta shaharlaridan biri bo‘lmish Rossiya poytaxtida o‘smirlar orasidagi jinoyatchilikning umum jinoyatchilikdagi hissasi 6,7 foizdan 25,2 foizga ko‘tarildi. Diqqatni tortadigan yana bir jihati, yengilroq jinoyatlar kamayib, og‘ir jinoyatlar sezilarli darajada o‘sdi. Fikrimizning dalili uchun avvalgi boblarda bayon qilganimiz onasi va akalarini chopib tashlagan o‘smirni eslasak kifoyadir.
Mutahassislar jinoyatning kelib chiqishi masalalarini yechish maqsadida yaqin tarixga ko‘p murojaat etishlari tayin. Tarixdan haqiqat izlaganlarida ulug‘imiz Abdulhamd Cho‘lponning bir baytlarini e’tiborga olsalar:
«Derlarki: «Oylarning nurida vafo yo‘q!»
Demaslar ularki: «Ayb bizda, biz buzuq!»
(Sovet zamonasini eslashdan muddao shulki, bugun bizning jamiyatimizda ro‘y berayotgan jinoyatchilik o‘sha o‘tmishdan o‘tib kelgan yaramas merosdir. Sovet tuzumi davrida patos bog‘lagan yara endi ham jamiyatga azob bermoqda. Endi zamon boshqa, kasalni yashirishga urinish emas, uni davolashga harakat qilish zamonidir. Sodir etilgan jinoyatlarni tahlil etishdan maqsad ham shu - bularning takrorlanmog‘iga yo‘l qo‘ymaslik choralari izlash.)
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:36:54
Jinoyatlar ildizini topish uchun turli mamlakatlar turli yo‘nalishlarda fikr yuritadilar. Bu tabiiy. Bir mamlakatdagi shart-sharoit bilan ikkinchi bir mamlakatdagisi orasida osmon bilan yer oralig‘i qadarli farq bo‘lishi mumkin. AQSh bilan Meksika yon qo‘shni. Ammo har ikkisida jinoyatning kelib chiqish sabablari va oqibatlari bir hil deya olmaymiz. Ayrimlar jinoyatchilikni diniy yo‘nalish bo‘yicha belgilamoqchi bo‘ladilar. Biroq, haqiqat shuki, islomni bayroq qilib olgan mamlakatlarda ham o‘smirlar orasida jinoyatchilik uchrab turadi. Falsafiy tushunchaga ko‘ra, sabab - oqibatni tug‘diradi. Har ikki tushunchani bog‘lab turuvchi ichki qonuniyat mavjud. Sabab va oqibat hayotning behisob zanjir halqalaridan biridir. Alohida sabab, alohida oqibat bo‘lmaydi. Ayniqsa hozirgi kunlarda mamlakatlar orasidagi ruhiy-ma’naviy chegaralar buzilib ketgan zamonda jinoyatlarga xos xastaliklarning «yuqishi» osonlashib qoldi. Agar yuz yil ilgari Misrda vabo tarqalsa, bu xastalik o‘sha atroflarga yuqishi, uzoq o‘lkalarga yetib kelmasligi ham mumkin edi. Bugungi kunda esa har qanday yuqumli xastalik eng uzoq mamlakatga ham bir necha kunda yetib bora oladi. Ma’naviy xastaliklar ham shunday. Jinoyat olamiga yetaklovchi bema’ni odatlar, qiliqlar ham o‘sha joyning o‘zida yo‘q bo‘lmay tarqayapti.
Bizningcha jinoyatning ildizi, o‘q tomiri har qanday jamiyatda bir yerda - noto‘g‘ri tarbiyada. Jinoyat daraxtini quritish uchun patak ildizlarni qirqib qo‘yish kifoya qilmaydi.
Jinoyatchilikni oilaviy sharoitga bog‘lab fikr yuritishga ko‘nikib qolganmiz. Bu haqda avvalgi boblarda bir-ikki so‘z aytgan edik. Birovlar nobop oilaning bolalari jinoyatchi bo‘ladi, desa, boshqalar boylarning tantiq farzandlarini ayblashadi. Tadqiqot natijalari esa o‘zgacharoq haqiqatni ayon qiladi. Ahloq tuzatish koloniyasiga borsangiz, turli oilalarning farzandlarini ko‘rasiz. U yerda bir yil nobop oilalarning bolalari ko‘proq bo‘lsa, ikkinchi yil boylarniki ko‘payishi mumkin. Raqamlar muqim emas, o‘zgarib turadi. (Yana haqiqat shuki, boylarning farzandlari kam, degani ular orasida jinoyatchilik ozroq ekanini anglatmaydi. Ular jinoyatchi bolalarining ishini qamoqqa olib kelmaslikka harakat qiladilar.) Biz o‘rgangan vaqtda ahvol bunday edi: qamoqqa tushgan bolalarning 61 foizi jinoyat ko‘chasiga kirguniga qadar ota-onasi bilan yashagan. Turmush sharoitlari unchalik yomon ham bo‘lmagan. Jinoyatchilarning 28 foizi faqat onasi bilan yashagan, otasiz o‘sgan. 7,6 foizi ona va o‘gay ota bilan bilan, 1,1 foizi ota va o‘gay ona bilan birga yashashgan. Jinoyatchilarning 2,3 foizini ota-onasiz yetimlar tashkil etgan. O‘rganilgan paytda jinoyatchilar orasida faqat otasi bilan yashovchi o‘smirlar yo‘q edi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:37:07
Mazkur tadqiqot jinoyat turlariga bo‘linib o‘rganilganda sal o‘zgacharoq manzara yuzaga keldi. Ashaddiy o‘g‘rilarning 27,3 foizi bu yo‘lga o‘tgunlariga qadar ota-onalari bilan birga yashaganlar. Hayotdan noliydigan tomonlari bo‘lmagan. 17,3 foizi yetim bo‘lgan, 49,1 foizi otasiz o‘sgan, 6,3 foizi onasiz ulg‘aygan. Bunday tadqiqot bezorilarga doir ishlar yuzasidan o‘tkazilganda bezori o‘smirlarning 32 foizi ota-onasi bilan yashaganligi, 68 foizi esa otasiz o‘sganligi, ya’ni ota tarbiyasidan bebahra ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qishloq bilan shahardagi jinoyatga doir ahvolga qisqa bo‘lsa-da, to‘xtaldik. Endi yana bir muhim masalaga jinoyatlar sodir etiladigan vaqtga diqqatingizni tortamiz. Bir necha tumanlarda fosh etilgan jinoyatlarning sodir etilgan kuni va vaqti o‘rganilganda quyidagi manzaraga guvoh bo‘ldik: Jinoyatlarning 1,1 foizi ertalabki vaqtga to‘g‘ri keladi. (Agar jinoyatni o‘g‘irlik, deb belgilasak, eng kam o‘g‘irlik ertalab bo‘lgan.) Kunduzga 19,2, kechki paytga 56, tungi paytga 23,7 foiz jinoyat to‘g‘ri kelyapti. Bu raqamlardan qiziq holat aniqlanyapti. Biz «ota-ona kunduzi ishda band bo‘lgani sababli bolalar jinoyat ko‘chasiga kirib ketyaptilar», deb tashvishlanamiz. Raqamlar esa boshqacha so‘zlashyapti. Jinoyatning asosiy qismi ota-ona uyda ekanida sodir etilyapti. Bu qanaqasi? Biz adashyapmizmi yoki raqamlar aldayaptimi? Shu mulohazada oradan bir yil o‘tib boshqa shahardagi vaziyatni o‘rganganimizda ham shunga yaqin natijaga guvoh bo‘ldik. Demak, «bolaning jinoyat ko‘chasiga kirib ketishiga asosan ota-ona aybdor», degan da’voimiz asosliroq bo‘lib chiqyapti. Kechqurun yoki tundagi jinoyati uchun qo‘lga olingan o‘smirlarning ko‘p qismi ota-onasi bilan yashagan. Shunday ekan, bu ota-ona «kechqurun yoki tunda qaylarda va kimlar bilan daydib yuribsan?»- deb tergamaydimi? Avvalgi boblardan birida ko‘chada davra qurib o‘tiruvchi, «stolba qorovullari», deb nom olgan, ko‘rinishidan beozor bolalar haqida gapirgan edik. «Ko‘rinishidan beozor» deyishimizning boisi shuki, ular bir soniyaning o‘zida ayovsiz to‘daga aylanib qolishlari hech gap emas. Aytaylik, shom qorong‘usida ko‘chadan bir yigitcha bilan qiz o‘tib boryapti. Ehtimol ular sevishganlardir, balki aka-singildir, buning farqi yo‘q. «Stolba qorovullari»dan biri beozor ravishda qizga gap otadi. Uning ko‘nglida shumlik bo‘lmaydi. (yoki aksincha, janjal chiqarish maqsadida qitmirlik qilishi ham mumkin.) Yigitchaga bu qiliq yoqmaydi, javob qaytaradi. So‘z janggi qo‘l janggiga aylanadi. Olti o‘smirdan uchtasi «qo‘ylaring», deb janjalni oldini olishga urinsa-da, qolgan uchtasi qilg‘iliqni qilib qo‘yadi. Ko‘ribsiz-ki, bu yog‘i qamoq, tergov... Ota-ona esa «o‘g‘lim ko‘chada o‘rtoqlari bilan gaplashib o‘tiribdi», deb o‘ylab televizorini hotirjam tamosha qilaveradi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:37:40
O‘rganilgan davr natijalariga ko‘ra o‘smirlar ishtirokidagi jinoyatning 72 - 95,6 foizi oddiy ish kunlarida, 28 - 4,4 foizi bayram kunlari sodir etilarkan. Ehtimol bunga huquq idoralari tomonidan bayramlarda nazoratning kuchayishi sabab bo‘lar? Agar shunday bo‘lsa, nazoratni susaytirmaganimiz ma’quldir?
Jinoyat sodir etilgan joylarga e’tibor qilsak, birinchi o‘rinda do‘konlar va muassasalarni ko‘ramiz. Keyingi pog‘onada ko‘p qavatli uylarning hovlilarida sodir etilgan jinoyatlar turadi. Keyin ko‘chadagi, so‘ng uylarning ichidagi, bog‘dagi, poezd vagonlaridagi va bozordagi jinoyatlar oldinma-keyin o‘rin oladilar.
E’tiboringizga havola etilgan raqamlar vaqt o‘tgani sayin bir oz o‘zgarsa-da, mohiyati o‘zgarishsiz qolaveradi. Ko‘p yillik kuzatishlar bizni shu xulosaga olib keldi.

JARROHNING TIG‘I

*To‘g‘rilik uchun jazo.

*Tuhmat ildizi.

*Tergovchi - tarbiyachi?

*Feminizatsiya...

Kim militsiya noziri bo‘la oladi? Bizda bu kasbga tayyorlaydigan maxsus o‘quv dargohi yo‘q. Ba’zan oliy o‘quv yurtini bitirib, militsiyada ishlashga xohish bildirganlarni shu xizmatga qo‘yadilar. Bu xizmatdagi odam, aytaylik, oliy ma’lumotli pedagogdir. Bolalar ruhiyati bo‘yicha ma’lum bilimga egadir. Lekin bu o‘rinda maxsus bilim talab qilinadi. Militsiyaning bolalar bilan ishlash bo‘limiga boshqa bo‘limlarda ishni qoyil qilolmagan yoki bir ayb bilan nazardan qolganlar ham o‘tkaziladi. Aytmoqchimizki, bolalar bilan ishlash bo‘limi militsiyada eng martabasi past bo‘lim hisoblanadi. Jinoyatchilikka qarshi kurashda yaxshi natijaga erishilsin, desak, militsiyadagi bu munosabatni o‘zgartirish kerak.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:37:53
Sinfdagi bir o‘g‘irlik tufayli militsiyaning nazorat ro‘yxatiga tushgan bolaning boshida balo buluti chaqin chaqib turadi. Shu mahallada yoki yon-atrofda biron uyni o‘g‘ri ursa, jinoyatga doir qidiruv bo‘limi noziri bolalar bilan ishlash bo‘yicha hamkasbiga murojaat qiladi va ishni shu ro‘yxatda turuvi bolani iskanjaga olishdan boshlaydi. Uning uchun eng muhimi - bola o‘g‘riligi uchun ro‘yxatda turadi. «Bola bolalik qilib, sho‘xlik yoki tushunmovchilik vajhidan o‘rtog‘ining narsasini o‘g‘irlabdi. O‘g‘irlik ko‘chasiga butunlay kirish xayolida yo‘qdir», deb mulohaza qilmaydi. Avvalo o‘sha bolani yaxshilik bilan so‘roq qiladi. «Agar o‘zing bo‘yningga olsang, yoki sheriklaringni aytib bersang qo‘yib yuboraman»,- deydi. Keyin iskanjaga oladi. Ana endi tuhmatga uchragan o‘smirning ruhiy holatini tasavvur eting-da, risolamizning avvalida bayon qilganimiz tuhmat yukiga chidolmay o‘g‘irlikni kasb egan odamni eslang.
Farg‘onaning qishloqlaridan biridagi birodarimizni yo‘qlab bordik. Niyatimiz darrov qaytish bo‘lgani uchun avtomashina oynaklarini ochiq qoldirdik. Taxminan yarim soatlardan keyin chiqib qarasak, buyumlarimiz yo‘q. Mezbon hijolat bo‘lib, militsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. Dam o‘tmay ko‘chada onaning fig‘oni eshitildi: «Mening bolam o‘g‘ri emas, nega uni qiynaysizlar. Uning jigari kasal...» Tashqariga chiqqan edik, ona bizni aybladi. Bilsak, militsiya o‘g‘irlik haqida xabar topishi bilan shu ko‘chada istiqomat qiluvchi, nazoratdagi o‘smirni ushlab olib ketibdi. Ular gumon uyg‘onmasdan oldin so‘rab-surishtirishmagan, hatto o‘ylab ham ko‘rishmagan. Onaning «bolam uyda, yonimdan jilgani yo‘q»,- degan nolasiga ham e’tibor berishmagan. To‘g‘ri, ota yoki ona bolasining aybini yashirish uchun ham ko‘p hollarda yolg‘on guvohlik beradilar. Shuning uchunmi, militsiya ularga e’tibor bermay qo‘ygan. Lekin gumondagi o‘smirni darrov tergov qamoqxonasiga kiritib qo‘yilishini ma’qullashimiz qiyin. Biz «o‘g‘irlik masalasida da’voimiz yo‘q, buyum topildi», deb tilxat berganimizdan so‘ng o‘smirni ozod qilishdi. Keyinroq o‘g‘rining boshqa odam ekani ma’lum bo‘ldi. Agar da’vodan voz kechilmaganida kim biladi, bu begunoh o‘smirni nimalar kutardi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:38:11
Yana bir voqeaning bayoniga o‘tishdan oldin izoh berishni lozim topamiz. Risolamizdan o‘rin oladigan jinoyatga doir voqealar ayrim ma’murlarning g‘ashiga tegmasin, isbot da’vo etmasinlar, degan niyatda bu voqealarning boshqa mamlakatlarda ro‘y berganini aytib, bizlarda ham uchrashi mumkinligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Maqsadimiz kimnidir ayblash emas, balki shu voqealarni tahlil qilib, fikrlashdir.
Endi gap begunoh ravishda ikki oy qamoqda o‘tirgan o‘n olti yoshli yigitchaning taqdiri haqida boradi. Maktabdan chiqib kelayotgan E.ning qimmatbaho kiyimini kimdir yo‘lda yechib oladi. Bu haqda E.ning onasi militsiyaga arz qiladi. Arzida T.dan gumoni borligini aytadi. Ma’lum bo‘lishicha, shu maktabda o‘qiydigan T. uning o‘g‘lini bir-ikki urgan ekan. Bolalar bir-birlari bilan arzimagan narsa uchun ham tez-tez mushtlashadilar. Ko‘p o‘tmay yana qadrdonlashib ketadilaru bu harakatlarining vaqti kelsa ayb sifatida taqalishini o‘ylab ham ko‘rmaydilar. E. manmanligi, boyligiga kerilib, boshqalarni haqorat qilgani uchun T. uning esini joyiga keltirib qo‘yish uchun urgan, kiyimini yechib olish xayoliga ham kelmagan edi.
T.ning onasi M.ga sinf rahbari qo‘ng‘iroq qilib, maktabga tez yetib kelishi shartligini bildiradi. «Militsiya xodimlari o‘g‘lingiz bilan gaplashishmoqchi, T. bir-ikki masalada guvohlik berishi kerak»,- deydi. O‘sha kuni T.ning isitmasi baland, uyda yotgan edi. Onasining bu vaji qabul etilmay, ish shoshqich ekani ta’kidlandi. M. o‘g‘li bilan maktabga keldi-yu, militsiya vakilining birinchi so‘zlaridanoq gap guvohlik haqida emasligini angladi.
-O‘g‘irlikni bo‘yningga olsang, o‘zingga oson bo‘ladi, hoziroq qo‘yib yuboraman. Agar tonsang, jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz qilaman, u seni albatta taniydi. Sheriging ham seni ko‘rsatadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:38:58
T.ning tan olmasligi militsiya uchun haqiqatni anglatmas edi. U qoidaga muvofiq, jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz qilindi. Bir necha bolalar orasidagi T.ni «Mana shu», deb ko‘rsatdi. Ko‘cha bolalari orasida e’tibori bo‘lgan «Bo‘ri» laqabli o‘smir o‘g‘irlikni bo‘yniga olib, sherigi sifatida T.ni ko‘rsatdi. «Bo‘ri»ning o‘g‘irlagani rost, ammo sherigi T. emas, balki 19 yoshli boshqa yigit edi. Agar bu isbotini topsa, avval ham sudlangan bu yigit qattiq jazo olmog‘i mumkin bo‘lardi. «Bo‘ri» uni himoya qilish maqsadida T.ni ko‘rsatdi. E.ni esa «T.dan da’vo qilmasang - o‘lasan», degan ma’noda qo‘rqitdi. Albatta, buni militsiya xodimi bilmas edi va T.ning o‘jarligi uni g‘azabga solardi. U M.ga ham bir necha marta «O‘g‘lingizga ayting, qaysarlik qilsa o‘ziga qiyin, bo‘yniga olsin», deb murojaat qildi. «Men o‘g‘limning o‘g‘ri emasligiga ishonaman. Ishona turib unga qanday qilib «o‘g‘riligingni tan ol», deyman?»- degan javob militsiya xodimini qanoatlantirmadi. «O‘g‘lingiz o‘sha kuni qaerda edi, nima bilan shug‘ullangan?»- degan savolga mushtipar ona o‘sha paytda aniq javob qaytara olmadi. Chunki o‘g‘irlik salkam bir oy oldin sodir bo‘lgan, T.ning qaerda bo‘lganini eslash qiyin edi. M. militsiyadan qaytib, o‘g‘lining narsalarini yig‘ishtirayotganida cho‘ntakdagi chaqiruv qog‘ozini ko‘rdi-yu, ko‘ngli yorishdi. Esladi: o‘sha kuni o‘g‘liga harbiydan chaqiruv qog‘ozi kelgandi. M. hamkasbi bilan uyga qaytgan, o‘g‘li bu chaqiruvdan quvonib ularni kutib olgan, qog‘ozni ko‘rsatgan edi. Harbiyga chaqiruv T.ning nazarida balog‘atga yoshiga yetganligi, kattalar safiga qo‘shilganini isbot etuvchi guvohnomaday tuyulgandi. M. bu suyunchlik xabar bilan yana militsiyaga keldi. Dugonasi guvohlik berdi. Biroq, bu guvohliklar inobatga o‘tmadi. Chunki T.ning o‘sha kuni uyda bo‘lgani kech eslandi, M.ning dugonasi yolg‘on guvohlik berishi ham mumkin. Tarozining ayblash pallasida esa yolg‘onligi noma’lum muhimroq dalillar turibdi.
M. shundan so‘ng haqiqat va adolat istab ko‘p idoralarga murojaat qildi. Uni yaxshi kutib olishardi, da’vosini diqqat bilan eshitishardi, lekin so‘zlarida haqiqat borligiga gumon qilib, militsiyadagi yolg‘on dalillarga ishonishardi. Bu holatdan ajablanmasa ham bo‘ladi. Hayotning beayovligi ham shunda: haqiqatga ishonish qiyin, yolg‘onga esa darrov ishona qolamiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:39:10
Onalarga xos metin irodaga tan bermoq kerak. M. iziga chekinmadi. O‘g‘lining aybsizligini isbotlash uchun mustaqil ravishda o‘ziga xos tergov boshladi. O‘g‘lining maktabdagi do‘stlari bilan suhbatlashdi. Tez orada ma’lum bo‘ldi-ki, «Bo‘ri» qilgan ishidan mag‘rurlanib, o‘g‘irlikning ertasigayoq ayrim bolalarga maqtangan ekan. «Paxan» oyog‘idan ushlab turdi, men yechintirdim»,- degan gapi haqiqat yo‘lini yorituvchi nur edi go‘yo. Ammo bolalar, ayniqsa ularning ota-onalari guvohlik berishdan bosh tortardilar. Chunki guvohlik natijasida «Paxan» va uning atrofidagilardan jazo olmoqliklari xavfi bor edi. M. «Paxan» haqidagi ma’lumotni militsiyaga yetkazganida ular tekshirish o‘rniga «o‘g‘lingizni chiqarib olib, boshqa begunohni o‘tqizmoqchimisiz?» degan ta’nani eshitdi. Ajablanarlisi shundaki, «Paxan» - militsiyaning doimiy nazoratidagi yigit. U haqdagi har bir ma’lumot inobatga olinishi shart. Lekin M. bu safar ham umidsiz qaytdi. Unga militsiya xodimining gapi og‘ir botdi: uning o‘zi ham bir aybsizni chiqarib ikkinchi bir aybsizni o‘tqazishdan havotirda edi. O‘sha kunlari M.ning ishini Xudo o‘ngladi. Maktabdagi uch bola guvohlik berishga ko‘ndi. Rahbariyatga qilgan murojaati inobatsiz qolmay, jinoiy ish boshqa xodimga olib berildi va yangi tergovchi barcha da’volarni sinchiklab o‘rganib chiqdi. «Bo‘ri» ham, E. ham yolg‘on guvohlik berganlarini tan oldilar. Ma’lumki, yolg‘on guvohlik berish ham jinoyat, ammo bu holat o‘smir yoshidagilarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Shunga ko‘ra, «Bo‘ri» shartli ravishda jazolandi. Aybni darrov bo‘yniga olgani uchun u suddan oldin ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turilmadi. «Paxan» esa talonchilik qilmagani, faqat jabrlanuvchining qo‘lidan ushlab turgani uchun yengil jazo bilan qutuldi. Jabrni adolat istagan yigitcha tortdi. U oilada yaxshi tarbiya ko‘rgani, irodasi mustahkamligi uchun, adolatga ishonchi bor bo‘lgani uchun yengib chiqa oldi. Yomon nom olib qamoqdan chiqib ketguncha, azoblansa ham nomini pok saqlab qolish uning uchun muhim bo‘ldi.
Siz bu voqeani ruhiy tomondan qanday sharhlaysiz? Barcha o‘smirlar ham bu qadar irodaga ega emaslar, degan fikrga qo‘shilasizmi? Endi tasavvur qilaylik-chi, T. qamoq azobiga chidolmay o‘g‘irlikni bo‘yniga oldi. Shartli ravishda jazolandi. Endi undan nima kutish mumkin? Adolat borligiga umuman ishonchi yo‘qolgan o‘smirning hayoti endi qanday bo‘ladi? Ertaga «Paxan»ga qo‘shilib, o‘sha E.ni yoki boshqa bir bolani tunamaydi, deb kim kafolat beradi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:39:21
Endi voqeaga huquqshunos ko‘zi bilan qarab tahlil qilaylik:
Bu o‘rinda ommatan militsiyani, xossatan ishni yuritgan tergovchini umumiy holda ayblashimiz va «hamisha shunday bo‘ladi, tuhmat bilan qamab yuborish odatiy hol», deb xulosa chiqarmog‘imiz noo‘rindir. Mazkur voqeada qasddan, ataylab adolatsizlik qilinmayapti. Bunda tergovchining va nozirning eng katta kamchiligi - o‘smirlar ruhiyatini, jinoyatchi o‘smir bilan ishlashda zarur o‘ziga xoslikni bilmaslikdadir. Tergovchilar katta yoshdagi jinoyatchini, gumondagi shaxsni yoki guvohni so‘roq qilishganda ham, o‘smirlardan biron gapmi ma’lumotmi olish istagida bo‘lishganda ham bir hil uslubni qo‘llaydilar. Ularning ishidagi xato aynan shundan boshlanadi. Tergov chog‘ida aldash, gunohni boshqaga ag‘darishga urinish kattalar orasida boshqacha, o‘smirlar orasida o‘zgacharoq kechadi. Birinchi marta jinoyatga qo‘l urgan katta yoshdagi odam bilan o‘smirning ruhiy olamida ham jiddiy farqlar mavjud. Aytaylik, birinchi marta odam o‘ldirgan katta yoshdagi kishi yashirinishga harakat qilsa, o‘smirni jinoyat sodir bo‘lgan joy o‘ziga tortaveradi. Katta yoshdagi qotilga nisbatan o‘smirda qo‘rquv kuchliroq bo‘ladi. Katta yoshdagi faqat bo‘lajak jazodan qo‘rqsa, o‘smirni marhum ta’qib etganday bo‘laveradi. O‘smirlar xuddi mana shu kechinmalari tufayli tezroq qo‘lga olinadilar.
O‘smirlar orasida tuhmat, ya’ni aybni begunoh odamga to‘nkash, yoki boshqa bir odamni himoya qilishga urinish ko‘p uchraydi. O‘smir qilg‘iliqni qilib qo‘yadi-yu, ammo hibsga olinish, qamoq, tergov kabi holatlarga ruhan tayyor bo‘lmaydi. Ayrim o‘smirlar nima deb bo‘lsa ham militsiya qo‘lidan tezroq qutilib ketishni o‘ylashadi. Ba’zi tergovchilar «o‘rtog‘ingni himoya qilib ovora bo‘lma, u aybini tan oldi, endi aldab bizlarni laqillatma, o‘zingni ham o‘rtog‘ingni ham qiynama», degan mazmunda gapirib, uni yolg‘on haqiqatga ishontiradilar. O‘smir «bu yerda baribir adolat yo‘q», degan ishonchda tergovchi chizib bergan chiziqdan yura boshlaydi. Zikr etilmish voqeadagi T. kabilar esa kam uchraydi. Mazkur voqeada ashyoviy dalil, gunohkorni tanish marosimi tergovchi uchun asosiy qurol vazifasini o‘tagan. Bunaqa paytda jabrlanuvchiga tergovchi tomonidan yo‘l-yo‘riq ham ko‘rsatilib turilish holati ham kam bo‘lsa-da, uchrab turadi. «Sen uning ko‘rinishini yaxshi eslab qolmagandirsan. O‘ngdan ikkinchi bolaga yaxshilab qara, biz uni yaxshi bilamiz. U aybini bo‘yniga ham olgan. Biz seni deb yugur-yugur qilib yuribmizmi, endi sen ham bizlarga yordamlashib yubor», deyilsa jabrlanuvchi nima qilardi. Gumondagi shaxs shu yo‘l bilan jinoyatchi sifatida tanilgach, u nima qila olardi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:39:35
Ikkinchi tergovchi salafidan farqli o‘laroq, birinchi galdagi vazifa sifatida jinoyatchini aniqlashni emas, adolat qilish zarurligini belgiladi. U ikki oydan ziyod vaqt mobaynida o‘smirning «sinmay» turishini befarq qoldirmadi. Buning shunchalik o‘jarlik emasligini, bu qaysarlik zaminida haqiqat borligini seza oldi.
Tergov qilinayotgan o‘smirga ko‘pincha yoshiga qarab baho beriladi. Bu xato uslubdir. Chunki 16-17 yoshdagi ayrim o‘smirlarning dunyoqarashi, atrof-muhitni anglash miqyosi, o‘z qilmishiga baho bera olishi 14-15 yoshli bolaniki kabi ham bo‘lishi mumkin. Aql-zakovat, qobiliyat darajasi bir hil bo‘lmagani sababli boladagi ongning rivojlanishi bir hilda kechmaydi. O‘smirning so‘roq chog‘i o‘zini tutishida bu ham muhim ahamiyat kasb etadi-ki, tergovchi mazkur holni e’tiborga olmog‘i zarurdir. Harbiylar orasidagi jinoyatchini harbiy tergovchi so‘roq qilgani kabi o‘smirlar ishini ham alohida tajribaga ega tergovchilar yuritgani durust, deb o‘ylaymiz. Ya’ni jinoyatga doir qidiruv va tergov bo‘limlarida, sud va prokuratura idoralarida faqat o‘smirlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning mavjudligi maqsadga muvofiqdir. Tibbiyotda bolalarning va kattalarning shifokorlari alohida bo‘lgani kabi bu sohada ham boshqa-boshqa bo‘lgani yaxshi natija beradi, degan fikrdamiz.
To‘g‘ri, jinoyatga doir qidiruv bo‘limi noziri yoki tergovchi tarbiya ishlari bilan shug‘ullanmaydi. Ammo unda tarbiyachiga xos xislatlar bo‘lmoqligi maqsadga muvofiqdir. Chunki so‘roq jarayonida u o‘smirlarga xos bir qancha ruhiy jihatlarni hisobga olmoqligi joizdir. Aytaylik, bir o‘smir qiziqqonroq, jizzakiroq, boshqasi esa aksincha, g‘oyat bosiq, kamgap, yana biri mijg‘ovroq. Tergovchi barchasiga bir hilda muomala qilsa ijobiy natijaga erisha olmasligi mumkin. Demoqchimizki, o‘smirlarning fe’l-atvorlariga qarab tergov uslubi tanlanishi lozim. Masalan, qat’iylik, talabchanlik, jiddiylik uslubini loqayd, beg‘am, sovuqqon yoki pitrak, serharakat o‘smirga nisbatan qo‘llash mumkin. Dilgir, g‘amginlikka moyil, ma’yus o‘smirga esa bu uslub salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:39:48
Aytmoqchi bo‘lgan gapini ham unutadi, yoki qaysarlik to‘niga o‘ralib olib «nima qilsang qilaver», degan ma’noda javob bermay qo‘yishi ham mumkin.
O‘smirlarning har bir avlodida o‘ziga xos o‘zgarish kuzatiladi. O‘tgan asrning oltmishinchi yillaridagi o‘smir bilan yangi asrning o‘smirlari orasida katta farq mavjudligini hech kim inkor etmaydi. Ammo keyingi o‘n yil orasida o‘smirlik olamiga kirib kelayotganlarning ruhiy olamida, fe’l-atvorida farq mavjudligini barcha ham sezavermaydi. Mutaxassislarning kuzatishicha, o‘g‘il bolalarning his-tuyg‘ularida, fe’l-atvorlarida (xarakterlarida) ilmiy tilda «feminizatsiya» degan xolat kuzatilyapti. Lotincha «femina» - «ayol» ma’nosini bildiradi. Mazkur ilmiy atama o‘g‘il bolalarda qat’iyatsizlik oshib borayotganini anglatadi. Kengroq ma’noda sharhlasak, o‘g‘il bolalar jiddiy bir qarorga kelishda sustlik qiladilar, ularda mas’uliyatga nisbatan qo‘rquv mavjud, boshqarishdan bo‘yin tovlamoqlik, mustaqil qarorga kelishdan qochishga urinish, irodasizlik va o‘ta ta’sirchanlik sezilyapti. Bular erkaklarga xos bo‘lmagan xolatlar ekanini ta’kidlamasak ham bo‘lar. Buning asosiy sababi qilib olimlar maktab o‘qituvchilarining asosan ayollardan iborat ekanini ko‘rsatishadi. Maktab o‘qituvchilarining 80-90 foizi ayol ekani va buning muhim ijtimoiy muammo ekani dunyodagi ko‘p mamlakatlarga xosdir. Qiziqda, o‘g‘il bolani uyda onasi, maktabda yana ayol muallima tarbiyalasa, ulardagi ayrim odatlar o‘tmaydimi? Oiladagi 4-5 qiz orasida ulg‘aygan o‘g‘il bolaning fe’l-atvorini kuzating. Arzimagan gapdan ham ta’sirlanib yig‘lab yuborishi fikrimizga dalil emasmi? Tarbiyachilar orasida erkaklarning ko‘proq bo‘lishi masalasiga biz to‘xtalib o‘tirmaymiz. Biz o‘g‘il bolalar fe’l-atvoridagi mazkur jihatlarga tergovchi va nozirlarning e’tiborlarini tortmoqchimiz xalos.
O‘smirni militsiya nazoratiga olish masalasiga ikki hil munosabat mavjud. Bir toifa odamlar buni xonadonlari uchun fojia sifatida ko‘radilar va buni qamoqqa olib boruvchi darvozaning ochilishiday qabul qiladilar. Ikkinchi toifa odamlar nazoratga olinmish bolaning qismatida qamoq borligiga to‘la ishonadilar. Bolani nazoratga olish nihoyatda nozik masala. To‘g‘ri nazorat qilish yaxshi natija berishi shubhasiz, noto‘g‘ri nazorat esa salbiy oqibat bilan yakunlanadi. O‘g‘irlik bilan qamalganlarning 30-35 foizi avval militsiya nazoratida turganlari fikrimizni isbot etadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:40:05
Yana demoqchimizki, gumondagi yoki guvoh o‘smirni so‘roq qilish shunchaki odatiy ish emas, balki ilmiy tahlilga asoslangan jarayon bo‘lmog‘i zarurdir. Agar bolalar jarrohi amaliyot chog‘ida ehtiyotsizlik qilib bitta tomirchani uzib yuborsa bola jisman nobud bo‘ladi va ba’zan biz u jarrohni jinoiy javobgarlikka tortishga urinamiz. Agar tergovchi o‘smirning ruhiy olamini toptab qo‘ysa, jamiyat ruhi sog‘lom bir odamni yo‘qotgan hisoblanadi. Jisman nobud bo‘lgan bola tufayli bir oila aziyat chekadi, vaqt o‘tgach, g‘am-alam asta unutiladi. Ruhan nobud qilingan o‘smirdan esa jamiyat aziyat chekadi va buning g‘am-alamlari darrov unutilmaydi. Tergovchining tig‘i - aql va til, tig‘ uriladigan joy esa o‘smirning qalbi va ongidir. Buni unutmaslik shart.
Demak, tergovchi qarshisida o‘smir o‘tiribdi. Tergovchiga ham oson tutib bo‘lmaydi. Siz bilan biz o‘n besh yillar atrofida o‘zimiz tarbiya etgan farzandimizni qachon to‘g‘ri, qachon yolg‘on gapirayotganini ba’zan farqlay olmaymiz. Tergovchidan esa bir necha so‘roq mobaynida o‘smirning xulqini, odatini aniqlab, bunga erishishi talab etiladi. Gumondagi o‘smir: a) to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot berishi mumkin, b) yolg‘on gaplarni to‘qiydi, v) adashganligi tufayli noto‘g‘ri ma’lumotni aytadi. Bularni farqlab olishi uchun tergovchidan yuksak mahorat talab qilinadi. Birinchi holatda to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot gumonni tasdiqlashi yoki aksincha, gumonni inkor etib o‘smirni oqlashi mumkin. Ikkinchi va uchinchi holatda hamma narsa chalkashib ketadi, to haqiqatga yetib borilguniga qadar ish cho‘ziladi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:40:38
P.ismli o‘smir o‘rtoqlari bilan tog‘ sayriga borishiga ruxsat berishmagani uchun ota-onasidan arazlab, uydan chiqib ketadi. Ikki oyga yaqin daydib yuradi. So‘ng o‘g‘irlik qilayotganida qo‘lga olinadi. Bunday holatda tergov ishi qiyin kechmaydi. Avvalo bola jinoyat ustida ushlandi. Guvohlar bor. Bundan tashqari bola bahonalarni qalashtirmay aybiga iqror bo‘ldi. Shu bilan birga bunga qadar yana o‘n yetti marta bosqinchilik qilgani, «Azroil» va «Iblis» laqabli ashaddiy o‘g‘rilarga qo‘shilib dahshatli jinoyatlarga sherik bo‘lganini ham tan oldi. Uning ma’lumotlari tekshirib ko‘rilganida barchasi yolg‘on ekani ma’lum bo‘ldi. Xo‘sh, yolg‘on to‘qishdan bolaning muddaosi nima edi? Tergovchini chalg‘itish yoki laqillatishmi? Yo‘q, u buni xayoliga ham keltirmagan. Tergov jarayonlaridan mutlaqo bexabar bo‘lgani sababli «gapimga ishonishadi-yu, qamab yuborishadi», deb o‘ylagan. Aytgan jinoyatlarining har biri qaerda sodir bo‘lsa, o‘sha yerga borib, ko‘rsatib, isbot qilib berishi lozimligini bilmagan. Birinchi va ikkinchi ma’lumoti isbotini topmaganidan keyinoq yolg‘oniga iqror bo‘lgan. «Nima uchun bunday qilding?» degan savolga javob bermadi. Bera olmasdi ham. O‘smirlar ruhiyatini yaxshi bilgan tergovchi uning o‘zi aytmasa ham, maqsadini anglab, og‘ir jazo bermadi. Uydan ketishni o‘zicha qahramonlikka yo‘ygan o‘smir kichik bir o‘g‘irlik bilan qamalib ketishni o‘ziga isnod deb bilib, «obro‘yi»ni oshirmoqchi bo‘lgan. Qamoqda ham, ozodlikka chiqqanidan keyin ham mayda emas, e’tiborli o‘g‘ri martabasida yurmoqlikni orzu qilgan.
Katta yoshdagilarni tergov qilish jarayonlarida ham yolg‘on, iqror bo‘lmaslik, tuhmat kabi holatlar uchrab turadi. Kattalar aytadigan yolg‘onlarini avval puxta o‘ylab, ma’lum odamlar bilan kelishib olib so‘ng ishontirishga harakat qilishadi. Yolg‘on guvohlar ham topishadi. O‘smirlarda mana shu puxtalik yetishmaydi. Videokassetalarni o‘g‘irlashda ayblanayotgan Ch. «yolg‘iz o‘zim edim», deb tergovchini ishontirmoqchi bo‘lgan. Tergovchi o‘g‘irlangan 170 videokassetani qopga joylab, ko‘tar, deydi. Shubhasizki, u ko‘tarolmaydi va oqibatda sherigi borligini aytishga majbur bo‘ladi. Avvalgi holatdagi bilan bunisidagi yolg‘onni solishtirilsa o‘zga-o‘zga manzara yuz ochadi. Yana bir tergov bayonini lozim ko‘rdik-ki, unda butunlay o‘zga holat ko‘zga tashlanadi. Diskotekada boshlangan janjal qotillik bilan tugaydi. To‘rt o‘smir o‘zlariga yoqqan qizga o‘ralashgani uchun Z. ismli yigitchani ayovsiz kaltaklab o‘ldiradilar. To‘rtovlon o‘sha tundayoq qo‘lga olinadi. To‘rttalasa Z.ni urganini tan oladi ammo o‘limga sabab bo‘luvchi zarbani kim berganini aniqlashga kelganda har biri o‘zini oqlashga tushadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:40:52
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra Z. temir tayoq bilan urilgani tufayli jon bergan. Temir tayoqda barmoq izlari yo‘q - qotil artib tashlashga ulgurgan. Aybdorlardan ikkitasi «temir tayoq O‘.ning qo‘lida edi», deb ko‘rsatma berdilar. O‘. esa buni rad etib, «M. urgan», deb qattiq turib oladi. Shunda mana bu savol-javob bo‘lib o‘tadi:
Tergovchi - Z. kaltaklanayotganda siz qaerda edingiz, ko‘chadami?
Ayblanuvchi - Yo‘q, men ichkarida, diskotekada qoluvdim.
Tergovchi - Atrofingizda kimlar bor edi?
Ayblanuvchi - Esimda yo‘q.
Tergovchi - Z.ni temir tayoq bilan M. urdi, deb sizga kim aytdi?
Ayblanuvchi - O‘zim ko‘rdim.
Tergovchi - Qanday ko‘rasiz, axir siz ichkarida, diskotekada edingiz-ku?
Albatta bu mantiq oldida ayblanuvchi darrovgina bosh ega qolmaydi. Yangi-yangi yolg‘onlar to‘qishga urinadi.
Mutaxassislar yordamida 250 tergov ishlari o‘rganilganda mana bu holat aniqlandi: o‘smirlarning 158 tasi (63,2%) to‘g‘risini aytib, aybiga iqror bo‘lgan. 73 tasi (29,2%) yolg‘on to‘qigan. 19 tasi (7,6%) adashganlari tufayli ishonchsiz ma’lumotlarni berganlar. Yolg‘on to‘qigan 73 bola bilan suhbatlashilganda ma’lum bo‘ldiki, ularning yarmidan ko‘prog‘i shu yo‘l bilan jazodan qutilib qolish chorasini izlagan. 16,4 foizi sheriklarini yashirish maqsadida, 11,1 foizi esa sheriklaridan o‘ch olish uchun yolg‘on to‘qigan. 8,5 foizi do‘stlikka sadoqat tushunchasini noto‘g‘ri anglagani tufayli, 9,6 foizi qarindoshlarini himoyalash umidida, 3,7 foizi esa o‘zining mardligini isbotlash niyatida yolg‘on gapirganlar.
Bu raqamlar nimani ko‘rsatyapti? To‘g‘risini aytib, aybiga iqror bo‘lganlar, pushaymon yeganlar ozodlikka chiqqanlaridan keyin jinoyat olamini butunlay tark etadilar, deyishimizga asos bor. To‘g‘risini aytish - noto‘g‘ri yo‘lga kirganligini anglab yetishining dalolatimi? Yolg‘on gapirganlar jinoyat olamida bir umrga qolib ketadilar, deb xulosa chiqarishga shoshilmaylik. Ularning bu zulmat olamiga qaytish yoki qaytmasligi bizning munosabatimizga bog‘liq-ki, bu haqda keyinroq alohida fikr yuritamiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:41:45
To‘g‘risini aytish - jinoyatga iqror bo‘ldi, degan gap emas. To‘g‘risini aytib, ayblovni inkor qilish ham mumkin. Shu o‘rinda tergovchiga yana qiyinchilik tug‘iladi, ya’ni buni «o‘zini oqlash uchun to‘qilayotgan yolg‘on» sifatida qabul qiladi. Oqibatda tergovchi xayolidagi gumonni haqiqat o‘rnida ko‘rib, o‘smirning shu yolg‘onni tan olmog‘ini istaydi. Ch.ning o‘limi xususidagi jinoiy ishni o‘rganish jarayonida shunday voqea yuz berdi. Ch.ismli bola Q. ismli do‘sti bilan mushtlashgan. Bu mushtlashishni ko‘rgan guvohlar bor. Buni Q.ning o‘zi ham inkor qilmaydi. Jag‘idan musht yegan Ch. yiqilib tushadi. Ertasiga biqini og‘riyotganidan shikoyat qiladi. Uni kasalxonaga olib boradilar. Og‘riq to‘xtamaydi. Ikki kundan so‘ng amaliyot (operatsiya) qiladilar. Ch. jigari shikastlangani oqibatida vafot etadi. Ota-onasi uning o‘limida Q.ni ayblashadi. Amaliyot qilgan jarroh jigar qattiq zarba tufayli ezilgan, deb xulosa chiqaradi. Jigar nima sababdan ezilishi mumkin? Tepki orqali. Tergovchining xulosasi shu edi. Q. esa urganiga iqror bo‘lgani holda, «tepmadim», deb turib oldi. Tergovchi buni o‘jarlik, yolg‘on vositasini o‘zini himoya qilish, deb qabul qildi. Mushtlashuvni ko‘rgan bolalarning birontasi ham Q.ning tepganini tasdiqlashmadi. Shunga qaramay, tergovchi «Ish»ni yakunlab sudga oshirdi. Sud esa tergov natijalaridan qoniqmay uni qaytardi. Qayta tergov bilan shug‘ullangan xodim shoshilmadi. Mushtlashuvga guvoh bo‘lgan bolalardan odatdagidek «Q.tepdimi?»-deb emas, «Ch. kaltak yegandan keyin yiqildimi?»- deb so‘radi. Bolalarning barchasi «yiqilmadi,jag‘ini ushlab qochdi», - deb javob qaytarishdi. Shunda tergovchi Ch.ning qaysi tomonga qochgani bilan qiziqdi. Bolalarning bu savolga javoblari ham bir hil bo‘ldi. Tergovchi Q.ning orqadan quvmaganini ham aniqladi. Demak, agar Ch. yiqilmagan bo‘lsa, Q. qanday qilib uning jigariga qattiq zarba berishi mumkin? Agar Ch. jag‘iga tushgan musht zarbasidan yiqilsa-yu, biron tosh ustigami yo to‘nkagami o‘ng tomoni bilan tushsa jigari ezilishi mumkin. Q. sport, xususan jang usullari bilan shug‘ullanmagan. Jismoniy jihatdan ham boshqalardan ajralib turmaydi. Maktabdagilar uni urushqoq bola sifatida ta’riflashmagan. Tergovchida uning kuchli zarba bera olishiga shubha uyg‘ondi. Xo‘sh, unda nima bo‘lgan? Tergovchi Ch.ning mushtlashuv kuni emas ertasiga og‘riqdan noliganiga e’tibor berdi. Shuning barobarinda vrachlarning hatti-harakatlari bilan qiziqdi. Amaliyot nima uchun bemor shikoyat qilgan kuni emas, ikki kundan keyin qilindi, degan savolga javob izladi. Kasalxona jarrohlarining xulosasi bilan kifoyalanmay eksgumatsiya (murdani qabrdan olib qayta tekshirish) qildirdi. Shulardan ma’lum bo‘ldi-ki, vrachlar vaqtni o‘tkazib so‘ng muolajaga kirishganlar. Vaqtida amaliyot qilinsa, bolaning hayotini saqlab qolish mumkin ekan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:41:58
Tergovchi «Ish»dagi eng muhim narsani ham aniqladi: Ch. ertasiga velosipedda ketaturib yiqilib, yo‘l chetidagi toshga biqini bilan tushgan ekan. Biqinini ushlab «voy«voylab» o‘tirganini ko‘rgan bolalarni ham, Ch.ga achinib, biqinini silab qo‘ygan ayolni ham topdi. Shuning bilan «ehtiyotsizlik oqibatidagi qotillik» degan ayblov chippakka chiqdi.
Kaminaga bu voqeani IIV Akademiyasining tinglovchisi aytib bergan edi. U boshiga tushgan bu savdolardan so‘ng tergovchi bo‘lishga ahd qilgan ekan. «Hayotimni saqlab qolgan tergovchiga bo‘lgan hurmatim haqqi, uning kasbini egallashga, hamisha adolat yo‘lidan yurishga ahd qilganman»,- dedi. Keyin afsus bilan: «o‘rtog‘imning o‘limiga men sababchi bo‘lmasam ham uni urganimdan hozirgacha pushaymonman. Bu pushaymonlik to umrimning oxirigacha ham meni tark etmasa kerak.»- dedi.
Z. ismli yigitchaning taqdiri esa o‘zgacharoq bo‘ldi. U maktabda urushqoqligi bilan nom chiqargan edi. Sport to‘garagidan aynan shu bezoriligi uchun haydalgandi. Militsiya ro‘yxatiga tushib qolishiga ham shu illati sabab edi. Lekin uni mushtumzo‘rligi uchun emas, nomusga tekkani uchun qamashdi. Jinoyatchini tanish marosimida qiz tergovchining maslahatiga amal qilib, Z.ni ko‘rsatdi. Keyin esa ko‘rsatmasidan qaytdi. Biroq, tergovchi «aytilgan so‘z - otilgan o‘q», shioriga amal qilib, qizning keyingi gaplarini inobatga olmadi, «Ish»ni chalkashtirishni istamadi. Qiz qurilishi bitmagan imorat ichida zo‘rlangan edi. Z. esa shu imoratga yaqin do‘konchada amakisi bilan birga ishlardi. Uni ayblash uchun shuning o‘zi kifoya qildi. Qiz bitmagan imorat ichiga o‘z oyog‘i bilan kirib borgan, birov uni majburlab sudramagan. Uning kiyim-boshlari butun.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:42:29
Tanasida ham shilingan, ko‘kargan joy yo‘q, xullas kuch bilan zo‘rlash alomatlari yo‘q. Shunday ekan, uni zo‘rlangan jabrlanuvchi deyish o‘rinlimi? U ko‘rsatmasida «uch yigit imorat ichiga aldab olib kirishdi»,-deb yozgan. Bitmagan imorat ichiga nima deb aldab olib kirish mumkin? Uyga biron narsa ko‘rsatish bahonasida aldab olib kirish mumkindir. Mantiq shuki, qiz nima uchun borayotganini bilgan. Aniqroq aytilsa, o‘zida istak bo‘lgan. Agar uch yigit orasida Z. bo‘lgan taqdirda ham unga qo‘yilayotgan aybni o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri kelardi. Undan tashqari qizning ko‘rsatmasida yigitlarning uchta ekanligi aniq aytilgan. Dastlabki tergovlarda Z.ga «sheriklaringni aytasan!» - deb zug‘um qilgan bo‘lishdi. Keyinroq esa bu dalil ham e’tibordan ko‘tarilib, Z.ning o‘zi yakka aybdor sifatida hukm qilinadi. Shubhasizki, Z.ning ota-onasi bu hukmga rozi bo‘lishmaydi. Qayta bo‘lib o‘tgan sud uni aybsiz, deb topadi. Endi prokuratura bu hukmga rozi bo‘lmaydi. Uchinchi marta bo‘lib o‘tgan sud Z.ni yana qamoq jazosiga hukm qiladi. Ota-ona endi respublika prokuraturasiga arz qiladilar. «Ish» prokuratura tergovchisi tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, Z. ozod etiladi. Adolatning tantana qilgani yaxshi. Ammo bu shodlik yuzaga chiqquniga qadar Z. bir yil qamoqda o‘tirdi. «Hayot - shafqatsiz, adolat esa umuman yo‘q»,- degan fikrni haqiqat o‘rnida ongiga singdirdi. Ozodlikka xursandchilik bilan chiqmadi, yuragida qasos o‘ti bilan chiqdi. «Nomusga tegish, zo‘rlash qanaqaligini senlarga ko‘rsataman», degan ahdini amalga oshirdi. U to qo‘lga olingunga qadar bir necha qizni sharmsor qilishga ulgurdi. Biz ba’zan «ayrim jinoyatlar ochilmay qolyapti», deb noliymiz. Ba’zan «mana bunday ochiladigan bo‘lsa ochilmay qolgani ham yaxshiroq edi», deging keladi. Bitta xato bir necha jinoyatlarni tug‘dirdi.
Bu misollarni e’tiboringizga havola etmoqlikdan maqsad - ishda uchraguvchi kamchiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatish emas. (Xato-kamchilik hamma sohada ham bor. Faqat «xato qilmoqlik bordir, tuzatmaslik oqibati - hordir», degan hikmatga amal qilinsa yanada yaxshi.) Maqsad - o‘smirlar bilan ishlovchi tergovchi zimmasidagi mas’uliyatni bo‘rttirib ko‘rsatish. Biz o‘smirlar taqdirini hal etuvchi «Ish»larni bu sohani yaxshi biladigan, o‘smirlar ruhiy olamidan xabardor mutaxassislarga ishonish kerak, degan fikrdamiz. Har qanday bastakor bolalar yoki yoshlar uchun qo‘shiq yaratavermaydi. Jarroh har qancha mohir bo‘lmasin, bolalarga tig‘ urishga jur’at etavermaydi. Ko‘p sohalar «kattalar» va «bolalar» degan bo‘limlarga ajratilgani kabi militsiya va prokuratura tergov bo‘limlarining, sudlarning ham maxsuslashuviga vaqt yetmadimikin? Bolalar ahloq tuzatish mehnat koloniyasi kattalarnikidan alohida bo‘lgani kabi bu yerga yetib kelgungacha o‘tadigan jarayonlar ham ajratilgani durust edi. Qonunga ko‘ra, sudgacha bo‘lgan jarayonda bolalar va o‘smirlar kattalardan alohida qamoqda ushlanishlari shart. Bunga sharoit barcha yerda mavjud bo‘lmaganidanmi yoki e’tiborsiz qaralganidanmi, hamisha ham rioya qilinavermaydi. O‘smirlar ba’zan ashaddiy jinoyatchilar o‘tirgan xonaga qo‘yiladiki, buning natijasini gapirmasak ham tushunarlidir.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:42:42
O‘smir har qancha og‘ir jinoyat qilmasin, uni yaxshilar ro‘yxatidan batamom o‘chirib, yomonlar safiga umrbodga tirkab qo‘ymay, unga «adashgan» sifatida munosabatda bo‘lsak ayni muddaodir. Adashgan o‘smirni ashaddiy jinoyatchiga aylanib ketmasligining choralaridan biri esa - huquqqa doir idoralar vakillarining jazolovchi kuch emas, shafqatli va adolatli do‘st sifatida ish yuritishlaridir.
Militsiya ishlarida «mahfiylik» degan tushuncha bor. Mahfiylikni inkor etish mumkin emas. Hamma ishni ochiq-oydin olib borish imkoni ham yo‘q. Ko‘p jinoyatlar mahfiy ravishda amalga oshiriladi, izlar berkitiladi. Uni fosh etishda ham huddi shu yo‘ldan boriladi. Lekin bolalar va o‘smirlarga doir ishlarda mahfiylik chegarasini ozgina ochish kerakmikin? Masalan, axloq tuzatish koloniyasidagilarning nechtasi qaysi viloyat, qaysi tumandan ekani, jinoyat turlari, tarbiyalanuvchilarning o‘zlarini tutishlari kabi ma’lumotlar jamoatchilikka ma’lum qilib turilsa, o‘smirlar orasida olib borilayotgan ishlarda nafi tegarmidi,deb o‘ylaymiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:43:16
NAQADAR SHAFQATSIZSAN, EY YORUG‘ DUNYO!

*«O‘zingdan ko‘r...»

*Yozuvchining ko‘z yoshlari

*Qamash shartmi?

*Burgaga achchiq qilib

Sarlavhada o‘qiganingiz bu nido xayolimiz mahsuli emas. Yurakdan vulqon kabi otilib chiqqan bu alamli xitobni biz ozodlikdan mahrum etilgan yigitchaning kundalik daftarida o‘qidik. Jinoyatchi o‘smirlar saqlanadigan yerni «koloniya» deb atalishini aytdik. Endi uning mazmuniga kelsak, «koloniya» - lotin tilida o‘zga yurtdan kelib joylashishni anglatadi. Shunga ko‘ra, jinoyat olamidan yulib olinib majburan joylashtirilganlar, degan mazmunda qabul qilsak ham bo‘lar. Bu yerga hukm qilinganlarni kattalar kabi «mahkum», deb atashmaydi. Bundagilarning nomi - «tarbiyalanuvchi»dir. Militsiya xodimlari esa «tarbiyachi zobitlar» deb yuritiladi. Bu yer nima deb atalishidan qat’i nazar qamoqxona bo‘lsa-da, kattalarniki kabi qurolli soqchilar bilan qo‘riqlanmaydi. Bunda dars o‘tiluvchi sinfxonalar, hunar o‘rgatuvchi ustaxonalar mavjud. Xullas, jinoyatchini emas, adashgan bolaning ko‘zini ochib, to‘g‘ri hayot yo‘liga yo‘llovchi barcha zarur masalalar inobatga olingan.
Mening tog‘am, atoqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy Stalin zamonida «xalq dushmani» degan tuhmat bilan qamalib, Qarag‘anda ko‘mir konlarida umrlarining to‘rt yilini o‘tkazgan edilar. Gap kelganda aytib o‘tsam, «Farg‘ona tong otguncha» romanining birinchi kitobi shu qamoqxonada yozilgan edi. Tog‘am qamoqdaliklarida suyukli farzandlaridan biri Oyzuhra opam o‘n uch yoshlarida vafot etganlar. Tog‘am oqlanib, ozodlikka chiqqanlaridan so‘ng qizlarining xotirasiga atab, o‘smirlar hayotidan hikoya qiluvchi «Bizning roman» qissasini yozgan edilar. Oradan yillar o‘tib, qarilik yoshiga yetganlarida shu qissaning davomini yozish istagi tug‘ildi. «Asar qahramoni To‘lavoy sho‘xlikdan shumlikka o‘ta boshlagan edi. Shumlikning oqibati nima bo‘ladi, shuni yozmoqchiman», dedilar. Asar davomini mo‘l qo‘ygan ham edilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:43:42
Reja bo‘yicha, yozuvchining uyiga oqshom chog‘i notanish bir kishi kirib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, u adibning kitobdagi qahramoni - To‘lavoy ekan. «Siz meni yozishga yozib qo‘yib, keyin unutdingiz. Siz yozgan voqealardan so‘ng men yomon yo‘lga kirib ketdim. Qamaldim. Shundan keyingina ko‘zim ochildi. Endi boshimga tushgan savdolarni yozing, toki boshqalarga o‘rnak bo‘lsin»,- deydi u. Tog‘am rejalarini gapira turib, «kimning boshiga nima tashvish tushsa o‘zgadan emas, o‘zidan ko‘rsin. Yangi asarning nomi shuning uchun «O‘zingdan ko‘r», deb ataladi»,- dedilar. O‘sha paytda kamina Yozuvchilar uyushmasida jamoatchilik asosida boshqaradigan «fantastika va detektiv adabiyoti kengashi» bolalar axloq tuzatish mehnat koloniyalarini otaliqqa olgan edi. Biz har yakshanbada turli adabiy uchrashuvlar tashkil qilar edik. Tog‘amning niyatlarini eshitgach, «bolalar koloniyasiga borib kelasizmi?»-deb so‘radim. Ochig‘i, «qamoqxona nimaligini yaxshi bilaman, borishim shart emas», degan javob kutgan edim. Lekin xastaliklariga qaramasdan mahbus - tarbiyalanuvchilar bilan uchrashish istagini bildirdilar. Koloniyadan qaytib kelganlaridan so‘ng «uchrashdingizmi, taassurotlaringiz qanday?»- deb so‘radim. Shunda yozuvchi ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi. Lablari titrab, darrov gapira olmadilar. Bir ozdan so‘ng yig‘lamsirab: «Shu bolalar qamoqda o‘tiradigan bolalarmi, a? O‘qish o‘rniga, ota-onasi bag‘rida o‘ynab-kulish o‘rniga nima uchun qamoqda o‘tirishibdi?»-dedilar. To‘rt yil urush fojialarini ko‘rgan, Stalingraddan Berlingacha borgan, so‘ng esa tuhmat bilan qamoq jafolarini ko‘rgan odamning diydasi qattiq bo‘lishi kerak edi. Lekin yozuvchining qalbi tosh emas edi. U bolalarning ozodlikdan mahrum ekanliklariga chiday olmadi. O‘sha uchrashuv xasta yurakka ilhom va dalda berib axloqiy asarni yozdilar. Bu asar yozuvchining vasiyati o‘rnida qoldi.
Yozuvchilar hissiyotli bo‘lishadi, dersiz? Ha, to‘g‘ri. Lekin hissiyotsiz odam ham bu yerdagi bolalarning mungli nigohlarini ko‘rsa ezilib ketishi aniq. Tarbiyalanuvchilar sirtdan qaralganda mo‘’min qobil ko‘rinsalar-da, ularning bu yerga kelgunlaricha qilgan qiliqlari, ayrimlarining bu yerda ko‘rsatayotgan xunarlari bilan tanishsangiz, ehtimol achinish hissidan holi bo‘larsiz. Mirzakalon Ismoiliy kabi hamma ham hissiyotga berilib, ko‘ziga yosh olavermaydi. O‘sha yillari yana bir yozuvchini koloniyadagi uchrashuvga taklif qilganimizda u qat’iy rad etib: «Bu tadbirlarning sira foydasi yo‘q, u yerga tushganlarning birontasi ham odam bo‘lib chiqmaydi»,- dedi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:43:58
Uning gapi bizga malol keldi. Agar o‘sha yerda uning farzandimi yo nabirasimi yoki jiyanimi bo‘lganida bunday shafqatsiz tarzda gapirmas edi. Barchamiz uchun afsusli yeri shundaki, o‘sha yozuvchimizga o‘xshab fikrlaydiganlar oramizda ozmi-ko‘pmi uchraydi. «Bolalar koloniyalari yanada pishib yetilgan, uddaburro jinoyatchilar yetishtirib beruvchi maktabdir», deguvchilarni ham uchratganmiz. Rasuli muhtaram sallollohu alayhi vasallam janobi Haqdan rivoyat qilgan so‘zda Olloh Taolo shunday buyuradi: «Ey bandalarim! Men bandamning gumonidaman. Men sen bilan birgaman. Agar mendan yaxshilikni gumon qilsang, yaxshilik bo‘ladi. Yomonlikni gumon qilsang, yomonlik bo‘ladi.» Shunga ko‘ra, biz qamoqdagi o‘smirlarga nafrat ko‘zi bilan qarasak, ulardan ham nafrat nazarini olamiz, ularning to‘g‘ri yo‘lni topa olishlariga ishonmasak, zulmni kasb qilib olgan ashaddiy jinoyatchiga ertami kechmi o‘zimiz ro‘para kelamiz, cho‘kayotganga yordam qo‘lini cho‘zmasak, bu gunohimiz uchun qachondir yo farzandimiz yo yaqin qarindoshimiz taqdiri bilan javob beramiz. Shularni unutmasak bas.
Mazkur risolani yozishga tayyorlanayotgan paytimizda jinoyatga doir qidiruv nozirlari, tergovchilar, sud hakamlari va shu sohaga yaqin kishilar bilan suhbatimiz chog‘ida «o‘smirlarni qamash shartmi, ularni tarbiyalashning o‘zga chorasi yo‘qmi?» degan savol bilan murojaat etdik. Ularning 93 foizi «qamash shart, qamoqda qanchalik uzoq o‘tirsa jamiyatning tashvishi shunchalik kamayadi», degan fikrni bildirdilar. «Jamiyatning tashvishi», deganda ular eng avvalo o‘zlarining tinchini o‘ylaganlari biz uchun sir emasdi. Bizni ajablantirgan narsa boshqa edi: suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, bolalarni uzoqroq qamash tarafdorlarining birontasi koloniyaga bormagan, undagi shart-sharoitlar, tarbiya usullari bilan tanish emas ekan.
«Bolalarni jinoyati uchun qamash shartmi?» degan muammo butun dunyodagi shu soha mutaxassislarini o‘ylatib keladi va har bir mamlakatda o‘ziga hos ravishda yechimni topishga urinishadi. Masalan, Chexiyada jinoyat bilan ushlangan bolalarning 20-26 foizigina qamoq jazosiga tortilarkan. Bu ko‘rsatgich Germaniyada 10-20, Polshada 4-6 foizni tashkil etarkan. Bu uch mamlakat bir-biriga qo‘shni ekanini e’tiborga olsak, masalaga yondashish bo‘yicha ham yaqinlik mavjud ekanini ko‘ramiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:44:12
Shu tomonlardagi mutaxassislarning fikricha, bolalarni ko‘pi bilan olti hafta qamoqda ushlab turish kifoya qiladi. Bola qamoqda ko‘p o‘tirgani sayin undagi ijobiy xislatlar kamayib, salbiy illatlar ko‘payib borishi mumkin ekan. Polshaga xos bu dalil u yerdagi bir tadbirni yodimga tushirdi. Mamlakatda «bolalar va yoshlar orasidagi giyohvandlikka qarshi barchamiz birgalikda kurashamiz!» degan shior kun tartibiga qo‘yilib, odamlar belgilangan kun va soatda ko‘chaga chiqib, bir-birlarining qo‘llaridan mahkam ushlab, jonli zanjir hosil qilganlar. Bu manzara jamiyatning o‘z farzandlari taqdiriga befarq emasligiga ishora emasmi?

Keyingi yillarda bizning yurtimizda ham bu masalaning ijobiy hal etilishiga e’tibor qaratilyapti. Ayrim hollarda bolalar qamalmay, jamoatchilik tarbiyasiga topshirilyapti. Ba’zi bolalarni mahallalar himoyalariga olishyapti. Ma’lum jinoyat uchun belgilangan jazo muddati ham qisqartirilyapti. Avfi umumiyda ham birinchi galda bolalarga imtiyoz berilyapti. Bu tadbirlar kelgusida yaxshi natijalar berishiga umidimiz bor. Ammo jazo belgilashdagi liberallashuv jarayonida jazo muddatini kamaytirish bilangina kifoyalanmay, qadim donishmand Aflotun aytganiday, masalaning ma’naviy tomonini ham yechishga urinish kerak. Bu nima degani? Deylik, bir odamning jinoyati uchun yetti yildan o‘n yilgacha qamoq jazosi berilishi kerak. O‘sha odam o‘zining jinoyatini shu darajada his qilsinki, «etti yilmi, o‘n yilmi - o‘zing tanla», deyilsa ma’naviy yuksaklik ila: «mening jazoim o‘n yilga loyiq», desin, hakam esa uning aybini tushunib yetganini inobatga olib, eng kam jazoni belgilasin. Shunga ko‘ra, bolaning qamoqda uzoq o‘tirishi muhim emas. Muhimi - u qanday ayb ish qilib qo‘yganini tushunib yetsin va bu yo‘ldan qaytsin.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:44:25
Qamalgan bolalarning taqdirini ko‘p yillardan beri kuzatayotgan kishi sifatidagi bizning xulosamiz shuki, burgaga achchiq qilib ko‘rpa kuydirmaslik kerak. To‘g‘ri, badbin odamlar o‘ylaganidek, tuzalishi amri mahol bo‘lgan yigitchalar ham bor. Ammo undagilarning ko‘pi bu yerdan qutilib chiqqach, halollik yo‘lida yurmoqlikni orzu qiladi. Ozodlikka chiqquncha esa...
Ozodlikdan mahrum etilishning o‘smir ruhiyatiga qanchalar ta’sir etishini bayon etishga qalam ojiz. Kechagina hamma aybni o‘z bo‘yniga olib mardlik qilayotgan yigitcha bu ostonadan hatlagach, boshqacha odamga aylanadi. Ozodlikdagi, hatto tergov davridagi erkaliklarini, injiqliklarini bu olam ko‘tarmaydi. Bola faqat issiq uyidangina, yaxshimi-yomonmi do‘stlari bag‘ridangina emas, ko‘nika boshlayotgani jinoyat olamidan ham yulib olinib bu yerga tashlanadi. Endi u mehnat qilishga majbur, ammo mehnat turini o‘z istagiga ko‘ra tanlay olmaydi. Bunda o‘ziga o‘xshaganlar bor, biroq, istagani bilan so‘zlashib, istamaganidan nari yurish huquqidan mahrum. Bo‘sh vaqti ko‘p, lekin xohlagan musiqani eshitolmaydi, istagan paytda yotib xordiq chiqarolmaydi Hatto taomlanish borasida ham qat’iy chegaralar orasida yashay boshlaydi. Uning to‘g‘ri gapiga ham ishonqirashmaydi, hatta-harakatini gumon bilan kuzatishadi. Uyidagilar kiritgan narsalarni titib tekshirishadi. Bunday cheklash, chegaralash, ta’qiblarni bola koloniya tartibi sifatida emas, balki o‘zi uchun xorlik va xo‘rlik deb qabul qiladi.
Bolasi koloniyaga tushgan oila yanada og‘irroq ma’naviy azobga duch keladi. (Nobop oilalar bundan mustasno. Ular uchun farzand o‘z bag‘ridami yo qamoqdami - baribir.) Demak, simtikonli baland devorning har ikki tomonida alam va qayg‘u o‘zining temir tirnoqlari bilan tirik jonlarni azobga solaveradi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:44:36
Bilmayin bosdim tikonni - tortadirman jabrini,
Bilsam erdim, bosmas erdim, tortmas edim jabrini...
Bu - qalb nolasi, kechikib ochilgan ongning qayg‘uli faryodi. Endi buning qanchalar foydasi bor, Xudo biladi.
Bundagi tarbiyachilar turli usullar va uslublar bilan bolalarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashga urinadilar. Biz ularning ishlarini tahlil etib, tanqid qilish fikridan uzoqmiz. Ammo haqiqat shuki, bundagi qayta tarbiyaning oqibati jamiyat kutgan darajada bo‘lmayapti.
Roviylar derlarkim: «Bir yigitcha o‘g‘rilik hunarini egallamoqchi bo‘libdi. Unga: «Eng zo‘r va mahoratli o‘g‘ri Bag‘dodda yashaydi, borib, o‘shanga shogird tush», deb maslahat beribdilar. Yigitcha maslahatga amal qilib, Bag‘dod shahriga boribdi, mashhur o‘g‘rini topib, muddaosini aytibdi. O‘g‘ri mamnuniyat bilan uni kutib olib, mehmon qilmoqchi bo‘libdi. Yigitcha taomga o‘ng qo‘lini uzatishi bilan, bilagiga urib: «Ovqatni chap qo‘ling bilan yeysan!»- deb buyuribdi. Yigitcha buyruqqa itoat etmoqchi bo‘libdi-yu, ammo chap qo‘lda taom yemoqlikning ilojini qilolmabdi. Oxiri: «Ustoz, men uzoq yo‘l yurib keldim, toliqdim, ochman. Chap qo‘lda yegin, deb meni qiynamang»,- deb yolboribdi. Shunda ustoz bo‘lmish o‘g‘ri debdi-ki: «Taomni faqat va faqat chap qo‘lda yeysan. O‘g‘ri bo‘lmoqlikning birinchi sharti - shudir. Sababki, o‘g‘irlik qilib yurib, qachondir tuzoqqa tushishing tayin. Ana shunda sening o‘ng qo‘lingni kesadilar. O‘ng qo‘ldan ajralganingda chap qo‘lda ovqat yeyishga qiynalmaysan.» Bu gapni eshitgan yigitchaning ko‘z oldiga kesilgan qo‘li kelib, o‘g‘rilik hunarini olmoqlik orzusidan voz kechgan ekan.» Mazkur rivoyat har qancha ibratli bo‘lmasin, qamoqdagi bolaga yetarli ta’sir eta oladi, deya olmaymiz. Bag‘dodlik ustoz bir-ikki hunarni o‘rgatib, bir-ikki o‘g‘irlikka olib borgandan keyin chap qo‘lda taom yemoqlik shartini aytganida o‘sha yigitcha ham orzusidan qaytmagan bo‘lardi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:45:09
Koloniyada belgilangan tartib-qoida har qancha nazorat qilinmasin, unga bo‘ysunmaydiganlar, yoki tartib buzuvchilar uchrab turadi. Bu yerga kirganimizda boshliq bir yigitchani chaqirtirdi. Tarbiyalanuvchining egnida eskiroq paxtalik kaltato‘n diqqatimizni tortdi.
-Kecha yangi paxtalik oluvding, qayoqqa gum qilding?-deb so‘radi boshliq.
Yigitcha darrov javob bermay, boshini xam qilib turaverdi. Savol yana takrorlangach, «yo‘qotib qo‘ydim», dedi. Boshliq bizning oldimizda haqiqatni oshkor qilishni istamay, uni chiqarib yubordi-da: «Aldayapti,-dedi,- bir quti sigaretga almaс‰tirib yuboribdi.» Yigitcha almashtirmasa-da, kechasi almashtirib qo‘yishlari yoki ochiqchasiga zo‘rlik bilan tortib olishlari ham mumkin edi. Huddi ko‘chadagi kabi bu yerda ham «zo‘r»lar mavjud va ular bolalarga sezilarli salbiy ta’sirlarini o‘tkaza oladilar. Ayrim bolalar koloniya ma’muriyatidan emas, ko‘proq o‘sha «zo‘r»lardan qo‘rqadilar. Mutaxassislarning kuzatishlaricha, koloniyadagilarning chorak qismi boshqalarni tartibni buzib turishga undar ekan. Beshdan bir qismi esa ma’muriyatga bo‘ysunmasligi, qochishga urinishi bilan ajralib turar ekan. 10-13 foizi esa tartibni buzishga boshqalarni ham jismonan, ham ma’nan majburlar ekan. Mana shunday tashqi ta’sir natijasida bu yerdagi adashganlar «ma’naviy boylik», «jamiyat manfaati» degan tushunchalardan uzoqlashaveradilar. Hatto vaqt o‘tgani sayin ular uchun inson hayotining sariq chaqachalik qadri qolmaydi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:45:21
Ozodlikda ularning atrofida ozmi-ko‘pmi sog‘lom muhit bo‘ladi. Tutqunlar esa bundan mahrumlar. Ular ozodlikdagi tengdoshlaridan har tomonlama ortda qoladilar.
Koloniyaga tushganiga hali bir yil bo‘lmagan bolalardan «Kuch ishlatmasdan biron nimaga erishish mumkinmi?» deb so‘raganimizda ularning 48 foizi «Mumkin», deb javob berishdi. Bu yerda ikki yarim-uch yildan beri o‘tirganlardan so‘ralganda esa bu raqam 13 foizni tashkil etdi. Bir yil o‘tirganlarning 14 foizi shafqat va mehribonlikni ojizlar ishi, deb baholagan bo‘lsalar, ikki yarim-uch yil o‘tirganlarning 33 foizi shunday fikrni bildirdilar. Demak, bola qamoqda qancha ko‘p o‘tirsa, shuncha ko‘p shafqatsizroq bo‘lib borarkan.
Baland devor bilan o‘ralgan koloniyaning yozilmagan, ammo bajarilishi majbur o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. Bu o‘rinda ma’muriyat ta’sis etgan qoidalar nazarda tutilmayapti. Xuddi kattalar qamoqxonasida bo‘lganidek, bu yerda ham norasmiy xo‘jayinlar - «zo‘r»lar mavjudligini aytdik. «Tarbiyalanuvchi»lar orasidagi munosabat ko‘p hollarda ularning istagi asosida yuritiladi. «Xo‘jayinlar» - yoshi katta, qayta-qayta qamalganlardan iborat bo‘ladi. «Tarbiyachi-zobit»larni qiynovchi aosiy masalalardan biri ham shu «xo‘jayin»lardir. Bolalarni qo‘rqitib, zo‘rlab, hatto qiynab o‘z olamlariga tobe qiluvchilar ham aynan shulardir.
Ostona hatlab kirgan jinoyatchi o‘smirni kutib oluvchilar unga jinoyatiga qarab muomala qiladilar. Qotilga bir munosabat, o‘g‘riga boshqacharoq, nomusga teguvchiga esa butunlay o‘zgacha. Nomdorroq jinoiy guruh qatorida qamalganlarning martabasi balandroq, adashib pushaymon yeyayotganlarniki quyiroq, ehtiyotsizligi oqibatida jinoyatga tasodifan aralashib qolganlarniki yanada boshqacharoq. «Tarbiyalanuvchi»lar orasidagi zulm, zo‘rlik, adolatsizlik oqibatida turli ko‘ngilsiz holatlar uchrab turadi-ki, bu haqda siz bilan bizga ma’lum qilinmaydi. Biz mazkur bobda bularni tadqiq qilishni muddao qilib qo‘ymaganmiz. Bizning maqsadimiz ozodlikdan mahrum bolaning ruhiyatidagi o‘zgarishlarni o‘rganish.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:45:39
Bir masala bo‘yicha ozod yigitcha bilan tutqun o‘smirning fikri ayri-ayri bo‘lishi tabiiydir. Hayotga qarash, uni tushunish, xulosa qilish ham turlichadir. Siz bilan biz diqqat qiladigan nuqta ham aynan shu yerda: o‘smir ozodlikka hayot haqidagi o‘zgacha fikr bilan chiqadi. Undagi o‘zgacha fikr faqat o‘z aqlining mahsuli, deya olmaymiz. Bola har qancha aqlli bo‘lmasin, uning dunyoqarashiga atrofidagilarning ta’siri sezilarli bo‘ladi.
«Agar sizga pul zarur bo‘lib qolsa qaerdan topasiz?» degan savolga ozodlikdagi o‘smirlar bunday javob qaytardilar: so‘ralganlarning 37 foizi ota-onasi yoki qarindoshlaridan iltimos qilishini aytdi. 33 foizi o‘rtoqlaridan qarz olishga umidvor. 24 foizi biron yerda ishlab topishiga ishonadi. 6 foizi biron buyumini sotishi mumkin ekan. Tutqundagi o‘smirlarning javoblari esa bulardan anchagina farq qiladi. Ularning ko‘pchiligi «har qanday yo‘l bilan ham topish» tarafdori. «Har qanday yo‘l», deyilganda o‘g‘irlik yoki talonchilik nazarda tutilgani aniq. Lekin bolalar bu yo‘lga «tilanchilik qilish ham ayb emas», deb qo‘shimcha qildilar. Lekin bu qo‘shimchaga uncha ishonmadik, bu yerdan chiqqanlar tilanchilik qilishmasa kerak, deb o‘yladik. Tutqunlikdagilardan so‘ralganlarning yana bir guruhi «mo‘may pul topish uchun tavakkal qilish kerak», deb aytishdi. «Tavakkal»ning ma’nosini ham sharhlash shart emasdir. Har holda ozodlikdagi bolalar pul uchun tavakkal qilmoqlikni nodonlikdan, deb hisobladilar. Qamoqdagilar esa «pul qanday topilishi muhim emas, muhimi pul topish!» degan fikrda qat’iy qoldilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:45:51
O‘smirlar dunyoqarashini aniqlash uchun turli savollar berildi. «O‘zingga istamagan narsani birovga ham istama» - ozodlikdagilarning 67 foizi, tutqunlarning 31 foizi shu aqida bo‘yicha yashamoq mumkin, deb hisoblaydi. «Agar birovning manfaatiga zid kelmasa, har bir odam o‘z istagi bilan yashashi kerak» - ozodlikdagilarning 59 foizi shunday fikrda. Tutqundagilarning ko‘pi savolni «har bir odam o‘z istagicha yashashi kerak», deb tuzatishibdi. «Qizlar erkaklarning talabini qondirish uchungina mavjud» - ozodlikdagilarning 29 foizi,tutqunlarning 82 foizi shu fikrda. «Mayxo‘rlik - dunyo lazzatidir.» - ozodlikdagilarning 28 foizi, tutqunlarning 77 foizi shu shiorni ma’qul ko‘rdi. Mazkur tadqiqot o‘n olti yoshli o‘smirlar orasida o‘tkazildi. Qonun masalasidagi so‘rov ham turli natija berdi. Bizga bu borada tutqunlarning fikri muhim: 47 foiz o‘smir qonun bilan mutlaqo qiziqmaydilar va qiziqmasliklari sababini tushuntirib bera olmaydilar. 17 foizi qonunni o‘rganish istagida, ularning fikricha qonun inson huquqlarini himoya qila oladi. 36 foiz bola esa bu fikrga qarshi.
Bolalarning kuchga munosabatlari ham bir hil emas. Ayniqsa qamoqdagilarning bu sohadagi fikrlari butunlay o‘zgacha. Ulardan «O‘zaro kelishmovchiliklarni qanday hal qilgan ma’qul?»- deb so‘raganimizda yarmidan ko‘pi kuch ishlatishni ma’qul ko‘rdilar. Holbuki ozodlikdagi bolalarning qariyb yetmish foizi kelishmovchilikni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdorlari edilar. (Farqqa e’tibor bering!) Tutqundagi 21 foiz bola tinch yo‘l tarafdori bo‘ldi. 17 foizi boshqa biron yo‘l topish kerak, deyishdi. Ammo qanday yo‘l ekanini o‘zlari ham aniq bilishmadi.
«Birovning so‘kishiga qarshi qanday javob qilish kerak?» degan savolga ozodlikdagi bolalarning 33 foizi «musht bilan», deb javob qilishdi. (Ayrimlari «javob so‘kishning turiga bog‘liq. Agar onadan so‘kilsa mushtdan boshqa chora yo‘q», deb izoh berishdi.) 55 foizi «so‘kishga so‘kish bilan javob qilib masalani oydinlashtirish kerak», dedi. 12 foizi «Birov so‘ksa, eshitsa ham eshitmaganga olib indamaslik kerak», degan og‘ir vazifani zimmalariga oldilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:46:05
O‘zaro kelishmovchiliklarni kuch bilan hal etish tarafdorlarining qariyb to‘qson foizi so‘kkan odamni albatta musht bilan «siylash» shart deb hisobladilar. O‘n foizi so‘kishga so‘kish bilan javob qaytarish bilan kifoyalanar ekanlar. So‘kishni eshitib, eshitmaganga olish bu toifa uchun uyat ekan. O‘zaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilsa bo‘ladi, deb hisoblovchi bolalarning 45 foizi so‘kishga so‘kish bilan javob berishni to‘g‘ri, deb hisobladilar. Faqat 14 foizi musht ishlatishni so‘nggi chora, deb bildilar.
Xo‘sh, kuch ishlatish tarafdorlari kimlar? Siz albatta «zo‘r»lar, dersiz? Fikringizni rad etmaymiz. Ammo faqat ular emas, afsusli joyi shunda. Hayotda ko‘p kaltaklangan yoki haqoratlangan o‘smirlar, boshqacharoq aytsak «alamzadalar» kuch ishlatish tarafdorlarining aksarini tashkil etadilar. Yana afsusli jihati shundaki, bu alamzadalar fikrlarini amalga oshirishga juda yaqin bo‘ladilar.
Kelishmovchiliklarni faqat kuch ishlatish yo‘li bilan hal etish tarafdorlarining ozodlikdagi hayotlari bilan qiziqqanimizda mana bu manzara namoyon bo‘ldi: ularning 13 foizi otasi tomonidan doimiy ravishda kaltaklangan, 9 foizini onalari va akalari savalagan, 6 foizi sinfdoshlari tomonidan, qolgan qismi ko‘chadagi tanish-notanish bolalar tomonidan kaltaklanib turilgan.
O‘smir yoshidagilarning kamdan kam qismi yolg‘iz paytida birov bilan mushtlashadi. To‘da bo‘lib olib mushtlashishlarini avval ham aytib, bir-ikki misol ham bayon qilib edik. Endi tutqunlikdagi bolalarning shu masalaga doir qarashlari bilan tanishsak. Albatta, koloniyada to‘dalarga bo‘linib olib, ochiqchasiga mushtlasha olishmaydi. Ma’muriyat bunga yo‘l qo‘ymaydi. Kaltaklash pinhona tarzda amalga oshiriladi. Lekin bundagilarning hammasi bo‘lmasa-da, ma’lum bir qismi ma’lum to‘daning a’zosi sifatida mushtlashuvlarda ishtirok etgan. Ba’zilarning bu ishtiroki jazosiz qolgan bo‘lsa, ba’zilari aynan shu ishtiroki uchun, o‘zlarining tillari bilan aytilsa: «arzimagan ish uchun» qamalishgan.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:46:16
«Agar notanish yoki sizga raqib bo‘lgan to‘da bilan mushtlashish zaruriyati tug‘ilsa, siz nima qilar edingiz?» -degan savolga so‘ralganlarning 79 foizi «sheriklarimni qo‘llash uchun men ham urushaman»,- deb javob qaytardi. 20 foizi olishuvni to‘xtatishga harakat qilishini aytdi. Qolgani bunaqa mash-mashadan o‘zini chetga olmog‘ini bildirdi. Ma’lumki, bunaqa olishuvda ba’zan qurol ham ishlatishadi. Shu masalaga munosabatlari so‘ralganda do‘stlarni himoya qilish uchun mushtlashuvchilarning 60 foizi qurollanishga shay ekanliklarini bildirdilar. 13 foizi esa qurol ishlatishni rad etdi. Qolganlari aniq fikrga kelolmadi. Qurol ishlatish tarafdorlarining 28 foizi qo‘liga pichoq, kastet, zanjir yoki shu kabi sovuq qurol olishi mumkin ekan. 23 foizi o‘zi yasagan maxsus moslamadan foydalanishni a’lo ko‘rar ekan. Mana shu nuqtaga e’tibor beraylik. Birinchi toifa qo‘liga nima tushsa shuni ishlatadi. Ikkinchi toifa esa maxsus moslama yasab tayyorlanyapti. Birinchi toifa quroldan foydalanmasligi ham mumkin. Ikkinchisi albatta ishlatadi. 10 foiz bola gazli ballonchalarni, 6 foizi to‘pponcha yoki qirqma miltiqni, 4 foizi portlovchi biron moddani ma’qul ko‘rdi. Bu raqamlar bekorga keltirilmayapti. Diqqat qiling: ular shunchaki mushtlashuvni nazarda tutishmayapti. Bu mushtlashuv bolalarning bezoriligi ham emas. Bu raqamlarning ortida zulm sharbatidan mast jinoyatchilar turibdi. Qamoqda o‘tirgan yerida qurol ishlatishni ma’qul ko‘rayotgan o‘smir ozodlikka chiqib, xayolini amalga oshirmaydi, deb kim kafolat bera oladi?
Jinoyati uchun jazoga hukm qilinganlarning barchasi aralash tarzda bitta koloniyaga yuborilmaydi. Maydaroq jinoyatlar uchun alohida, jiddiyroqlari uchun boshqa koloniya mavjud. Lekin bu ham koloniyadagi tabaqalanishning oldini ololmaydi. Har ikkovida ham «zo‘r»larning tabaqasi boshqalarga ta’sir o‘tkazaveradi. Tutqunlikdagi bolalarning yoshlari ham tabaqalanishga ta’sirini o‘tkazadi. Tabiiy-ki, 14-15 yoshdagi bolalar «zo‘r»lik shohsupasiga da’vo qilolmaydilar. Aksincha, yoshi kichik bo‘lgani sayin yuqoridan tazyiq kuchayib boraveradi. Huquq ilmida qayta-qayta qamaluvchilarni «retsidivist» deb ataydilar. Siz ehtimol retsidivistlik kattalarga hos, dersiz? Ha, bizga shunday tuyuladi. Ammo afsuslar bo‘lsinkim, bu hol o‘smirlar orasida ham uchrab turadi. Koloniyada o‘tirgan retsidivistlarning yarmidan ko‘pi birinchi marta 14-15 yoshida qamalgan. 10-14 foizi esa 16-17 yoshida qamalgan. Holbuki, 16-17 yoshlilar 14-15 yoshlilardan ko‘proq qamalishadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:46:33
Koloniyada tarbiyachi-zobitlarga mushkullik tug‘diruvchi yana bir narsa - bundagilarning har biri o‘zicha bir olam. Ruhiy holati jihatidan bir-biriga yaqinlashmaydi. Ozodlikda bir sinfda o‘qiydigan bolalarning dunyoni anglash masalasida bir-biriga yaqinligi mavjud bo‘ladi. Chunki ko‘p yillar davomida ular bir muhitda tarbiyalanadilar. Tutqunlikda esa o‘zgacha holatni kuzatamiz. Misol uchun qotillarni olib ko‘raylik: huquq nuqtai nazaridan ularning nomlari bir - qotil. Ammo qotillik sabablari va bajarish usullari har hil bo‘lganidek, jazo paytidagi ularning ruhiy holatlari, pushaymonlik darajalari ham turlichadir. Avvalroq hikoya qilganimiz, xorij kinolarini ko‘p ko‘rish ta’sirida onasi va akalarini o‘ldirgan o‘smirni eslaylik. Endi uning yonidagi yana bir qotilni ko‘z oldimizga keltiraylik. Bu bolani ko‘chaning «zo‘r»laridan ikkitasi uzoq vaqt qiynagan. Oxiri uni quvib kelib uyiga bostirib kirgan. Shunda farzandini himoya qilmoqchi bo‘lgan otani ham kaltaklashgan. Bu xo‘rlikka chiday olmagan bola oshxonadan pichoq ko‘tarib chiqib «zo‘r»larga tashlangan. Ularning biri bolaning ko‘z oldida jon taslim qilgan, ikkinchisi kasalxonda o‘lgan. Bola ehtiyot chorasini meyordan oshirib yuborgani uchun qamalgan. Ana endi har ikkala qotilning kundalik turmushini his qilishga urinib ko‘ring. Ikkalasi ikki olam emasmi? Siz aytishingiz mumkinki, birinchi bola tuzalmaydi, ozodlikka chiqqanidan keyin ham qonsirab odam o‘ldiraveradi. Bu gumoningizda ehtimol jon bordir. Lekin bu o‘rinda ham umiddan cheklanmaslik kerak. To‘g‘ri, dastlabki kunlari bola qanday mudhish jinoyat qilib qo‘yganini yetarli idrok eta olmadi. Lekin vaqt o‘tib, hushi o‘ziga kelishi mumkin-ku? Pushaymon olovida kuyishi mumkin-ku? Ikkinchi bolaning afsusli kunlarini bayon etmasak ham bo‘lar. Biz boshqa narsadan havotirdamiz: o‘z saflarini yoshlar hisobiga to‘latib boruvchi jinoyat olami bularning qaysi birini o‘z bag‘riga tortishga urinar ekan?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:46:48
Koloniyada o‘g‘irlik bilan qamalganlarni ko‘proq uchratish mumkin. Retsidivistlarning ko‘proq qismini ham aynan o‘g‘rilar tashkil etishadi. Shu bois o‘g‘ri-o‘smirlarga xos ayrim jihatlarga e’tiboringizni tortamiz. Avvalo ta’kid joizki, o‘g‘rilikning barchasi ham ochilavermaydi. Buning sababi: o‘g‘rilik hunari ibtidoiy ko‘rinishdan chiqib, mukammallik darajasiga ko‘tarildi. O‘g‘rilar militsiyani chalg‘itishning ko‘p usullarini egallaganlar. Ikkinchi sababi: militsiya xodimlari mayda o‘g‘irliklarni ochishga unchalik rag‘bat bildirmaydilar. Da’voimizning isboti uchun ikki misol keltiramiz: mehmonlar bilan muzeyga kirib ketdig-u, buyumlar mashinada qolaverdi. Haydovchi ham muzeyga qiziqib kiribdi-yu, eshikni ochiq qoldiribdi. Oqibat ma’lum: kimningdir sumkaga ko‘zi tushgan-u, eshikni ochib xotirjamlik bilan olib ketavergan. Gavjum ko‘cha, birov ko‘rgan, birov ko‘rmagan. Mehmon huzurida hijolat bo‘lib militsiya chaqirildi. Militsiya birinchi navbatda haydovchini burovga oldi. Mehmon kuzatib yuborilgach, militsiya noziri «o‘g‘rini topaylikmi?»- deb so‘radi. (Savolning ajabtovurligini qarang!) Da’vogar tomon «Topa olasizmi?» - deb so‘rab, ochiqchasiga «yo‘q»- degan javob oldi-yu, ularni bezovta qilgani uchun uzr so‘rab da’vosidan voz kechuvchi arizani yozib berdi. Ikkinchi holatda mashina yukxonasi ochilib, diplomat o‘g‘irlangan. Uni ko‘rganlar bor. Da’vogarning o‘zi o‘g‘rilarning sherigini ko‘rsatib bergan. Uning aytishicha, mashinani qo‘yib qulflayotgan paytda bir bola «zira oling, amaki», deb kelgan. Shu bahonada mashinani kuzatgan. Haydovchi shu bolani nazoratga olishni iltimos qildi. Ammo uning gumoniga e’tibor berilmadi. Oradan bir oy o‘tgach, tergovchidan maktub oldi. Unda aytilishicha, avfi umumiy xususidagi qarorga binoan o‘g‘irlikka doir jinoiy ish to‘xtatilgan ekan. O‘smirlar orasida o‘g‘irlikning kamaymayotganiga yana qanday sabab izlash kerak? O‘rni kelganda aytish joizki, o‘n yil avval yurtimizda mashina o‘g‘irligi avj olgan edi. Bu jinoyat uchun jazo kuchaytirilgach va militsiya xodimlarining harakatlari sezilarli jonlangach, ijobiy natijaga erishildi. Bunday jinoyatlar eng past darajaga tushdi. Keyingi paytda jazo yumshatilgach, jinoyatning bu olamida yana jonlanish sezildi. Jazoni liberallashtirish haqida gapirganimizda masalaning bu tomonini ham o‘ylab ko‘rishimiz kerakmikin?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:46:59
Endi avvalgi masalamizga qaytsak, tutqundagi o‘g‘rilarning biz o‘rgangan paytdagi 39,6 foizi bittagina o‘g‘irligi uchun qamalgan ekan. Umumiy hisobda olinganda esa o‘smirlarning 60 foizi to‘da bo‘lib ish ko‘rganlar. Bir necha o‘g‘irlikni bo‘yniga olganlarning ma’lumotiga ko‘ra, ularning 7,5 foizi haftada ikki-uch marta o‘g‘irlik qilgan. 17 foizi oyda ikki-to‘rt marta, 20,7 foizi esa uch oyda to‘qqiz-o‘n marta «ov»ga chiqqan. O‘smirlarga xos o‘g‘irlikning kattalarnikidan farqli tomoni shundaki, ularning harakati maxsuslashmagan bo‘ladi. Boshqacharoq aytsak, tasodiflardan foydalanishga harakat qilishadi. Masalan, qaerningdir eshigi ochiq qolgan, kimdir pulini yashirgan joyini oshkor qilib qo‘ygan yoki avtomashina qarovsiz qolgan... Mashina ichidagi qimmatbaho buyumni ko‘rgan bola tosh bilan oynakni urib sindiradi-yu, oladi, ketadi. Jiddiyroq o‘g‘irlikka jur’ati yoki malakasi yetishmaydi. Biron muassasaga tushish uchun signalizatsiyani bartaraf etish zarur, yo‘l-yo‘riqni puxta o‘rganish kerak. Undan tashqari o‘g‘irlangan molni sotish muammosi ham bor. O‘g‘irlangan velosipedmi yo radioga doir asbob uskunami, oziq-ovqatmi, bularni sotish qiyin emas. O‘smirlar o‘g‘irlangan molni tezroq sotishga urinib uni juda arzon-garovga pullaydilar. Tijorat ahli o‘smirlardan mol sotib olayotganda kimlar bilan savdo qilayotganini biladi. Ammo ko‘zini chirt yumib, huddi halol topilgan molni olayotganday bo‘ladi. Militsiya iziga tushsa «o‘laman, sattor, o‘g‘irlanganini bilmas edim», deb tonadi. Gap savdoga taqalganida bir masalani ko‘ndalang qo‘ymasak bo‘lmas: «bola va savdo», «savdoning bola tarbiyasiga salbiy ta’siri», degan muammoni jamiyat hal qilishi kerakmi yo yo‘qmi? Avvallari bu masalaga jiddiy qaralardi. Rivojlangan mamlakatlarda hozir ham jiddiy munosabatda bo‘linadi. Balog‘atga yetmaganlar savdo ishiga qo‘yilmaydi. Bizda esa bu to‘g‘on buzilib ketdi. Bolalarni hamma yerda, katta bozordami yo kichikroq do‘konchadami ko‘rish mumkin. Ular uchun kunduz va kechning ham farqi yo‘q. O‘n uch- o‘n to‘rt yoshli bolalarni aroq yoki sigaret sotayotganlarini ko‘rib ajablanmaymiz-u, ammo «falonchining o‘n uch yashar o‘g‘li qoradori sotayotganida qo‘lga tushibdi», degan xabarni eshitsak lol qolamiz.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:47:23
Qamoqqa tushgan o‘smirlarning ko‘p qismi adashganini, jinoyatiga yarasha jazo olayotganini anglab yetadi, bu yerdan qutilib ketish kunini orziqib kutadi. Ma’lum bir qismi esa bu yerga tushib qolishga o‘zini sababchi qilmaydi, o‘g‘ri to‘dasining boshlig‘ini yoki boshqa bir a’zosini qoralaydi. Bu yerdan qutilib chiqqach, ishni pishiqroq qilish, ya’ni durustroq to‘daga qo‘shilishni rejalashtiradi. Ba’zan shu yerning o‘zidayoq ishonchli «zo‘r»ni ko‘rsa, uning etagini tutadi. Shu nuqtada «zo‘r»lar bilan ularning manfaati birlashadi. Qo‘lga tushgunicha kattalarning to‘dasida dastyorlik qilgan, bu yerda esa «zo‘r»lardan biriga aylangan yigit kelajagini o‘ylab atrofiga ishonchli bolalarni to‘plashga intiladi.
Bir o‘smir mastlikda ketaturib do‘koncha oynagini sindiradi-yu, qimmatbaho molni olib ketayotganida qo‘lga tushadi. Yangi o‘g‘riboshi bunaqalarga uncha qiziqmaydi. Bundaylarni shu yerning o‘zida ishlatishi mumkin. Bir yigitcha puli bo‘lmagani tufayli do‘kondordan qarzga bir quti sigaret so‘raydi. Iltimosiga javoban haqorat eshitgach, kechasi o‘rtog‘i bilan kelib do‘konni talaydi. Izni berkitish maqsadida bir kechaning o‘zida yana ikki do‘konchani talaydi. Bo‘lajak o‘g‘riboshi «zo‘r»larga mana shunaqalari kerak
Hozirgi kunda barcha sohalarda isloh ketayotganini nazarda tutib, bu yo‘nalishda ham jiddiy islohotlar zarurligini ta’kid etmoqchimiz. Bu soha hamisha mutahassis olimlar nazoratida bo‘lmog‘i va ish uslublari zamonga qarab o‘zgarib bormog‘i shart. O‘n besh-yigirma yil avvalgi o‘smir-o‘g‘ri bilan bugungisining orasida osmon bilan yercha farq bor. Bugun ehtimol katta-katta koloniyalardan voz kechish maqsadga muvofiq bo‘lar. Buning o‘rniga har viloyatda, ehtimol har vohada kichikroqlarining bo‘lgani durustdir.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:47:43
O‘smirlarning ota-onalari va yaqinlari bilan ko‘rishib turish imtiyozlarini kengaytirish balki yaxshi samara berar. Balki sinfdoshlarining kelishini tashkil etishda ma’no bordir? Ruhiy tomondan doimiy ravishda tajribalar o‘tkazilib turilishi, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yilishidan bo‘ladigan foydani hech kim inkor etmasa kerak. Bizningcha, bu yerda shunchaki «tarbiyachi-zobit»lar emas, ilmiy tadqiqotga moyilligi bor kishilar ko‘proq ishlagani ma’qul. Chunki u koloniya ostonasini hatlab kirib kelgan o‘smirni nazorat qilinuvchi shaxs deb emas, tarbiyaga va shafqatga muhtoj inson, deb qabul qilib olishi kerak. Tarbiyachi-zobitlar tarbiyalanuvchi o‘smirni jinoiy ishda bayon etilgan ma’lumotlar asosida biladilar. Biz ularning ishlarida nafi tegar, degan umidda bir-ikki taklifni aytmoqchimiz:
Har bir tarbiyachi-zobit tarbiyasidagi o‘smir haqida mana bu ma’lumotlarni so‘rab, bilib, aniqlab olsa yaxshiroq bo‘lardi:
*Koloniyaga tushguniga qadar qanday sharoitda yashadi va tarbiya ko‘rdi? Ota-onalari bormi, ular qanday yumushlar bilan bandlar? Oilada yana boshqa farzand bormi? Oilada sudlanib, qamalganlar bo‘lganmi? Ruhiy xastalar yoki mayxo‘rlar mavjudmi?
*Oilaning moddiy ahvoli qanday?
*O‘smirning qamalguniga qadar o‘qishga yoki ishga bo‘lgan munosabati.
*Bundan avval qamalganmi, militsiya ro‘yxatida turganmi, axloqi jamoatchilikda muhokama qilinganmi, mayda jinoyati uchun jazo olganmi, mayxo‘rligi tufayli xushyorxonaga tushganmi?
*Uni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun qanday choralar qo‘llanilgan, bu choralar nima uchun ijobiy natija bermagan?
*Jinoyat sodir etishiga qanday sharoit turtki bo‘ldi?
*Jinoyat ko‘chasiga kirib qolgunicha qilgan ayblari uchun ko‘rilgan chora nima uchun unga ta’sir qilmadi?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:47:56
*U hayotdagi o‘rnini to‘g‘ri ko‘ra oladimi, o‘z kuchiga to‘g‘ri baho beradimi, insonning mehnat qilishi lozimligini to‘g‘ri anglaydimi?
*U biron hunarga qiziqadimi, shu hunar tufayli tirikchilik qila olishiga ishonadimi?
*Madaniy va ma’naviy saviyani oshirish, deganda nimani tushunadi. O‘zining saviyasini oshirishga intilishi bormi? O‘qishga qiziqishi-chi? O‘qib, yuqori martabalarga erishmog‘iga ishonadimi?
*Irodasi qay darajada? Fe’l-atvori boshqalarnikidan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?
*U nimalarga ko‘proq qiziqadi? Uning qiziqishi jamiyat manfaatiga zid emasmi?
*Unda qanday qobiliyat mavjud?
*Do‘stlikni qanday tushunadi? Kim bilun o‘rtog‘-u, kim bilan yov?
*Koloniyaga, o‘zining bo‘linmasiga munosabati qanday?
*Atrofidagilarning muvaffaqiyatidan quvonadimi?
Tarbiyalanuvchi o‘smirning boshqalar haqidagi fikrini bilishda juda va juda ehtiyotikor bo‘lish talab qilinadi. Buni ular chaqimchilik o‘rnida qabul qilishlari ham mumkin. Tutqunlikda esa chaqimchilikning kechirilishi qiyin.
Sovet jamiyatining so‘nggi o‘n yilligida bolalar koloniyasi ostonasini 1,2-1,5 million o‘smir bosib o‘tgan edi. Shu dalilning o‘ziyoq jamiyat yaralarining yiringlab ketganini ko‘rsatib turibdi. Bolalarni ayovsiz ravishda qamashdan qaytmagan jamiyatning ahvoli bu bo‘ldi.
Koloniya jazo maskanimi yo tarbiya o‘chog‘imi, degan savolga darrov javob qaytarishga urinmaylik. Nima bo‘lganda ham u yerda g‘oyat ziyraklik zarur. Agar o‘smirni qamamay tarbiyalashning imkoni bo‘lsa, shu imkoniyatdan foydalanish zarur. Bu fikr nazariy jihatdan qaralsa, to‘g‘ri, ammo amaliyotchilar buni qabul qilishlari qiyin. Demak, o‘rta yo‘lni topishimiz kerak bo‘ladi. Ehtimol fanning bu sohasida yangi yo‘nalish ochishning fursati yetilgandir? Fanda «biofizika», «biokimyo» kabi qo‘shma yo‘nalishlar mavjud. Balki huquq ilmi bilan ruhshunoslik ilmi ham bir nuqtada birlashar? «Huquqshunos-ruhshunos» fani qad rostlasa bolalar jinoyatchiligiga doir ko‘p masalalar ilmiy jihatdan hal bo‘lar?
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:48:27
ASSALOM, OZODLIK...
YOXUD ISHONCHSIZLIK DUNYOSI


Uzoq vaqt to‘shakka mixlanib yotgan bemor, shifo nishonasi sezilsa ham darrov oyoqqa turib ketolmaydi. Ayrimlarini xuddi go‘dakligidagi kabi atak-chechak bilan yurishga o‘rgatiladi. Qamoqdan chiqib kelgan bolaning ruhiy ahvoli ham shunga o‘xshash bo‘ladi. U necha yil o‘tirganidan qat’iy nazar, ozodlikdagi hayot tarzidan ancha uzoqlashgan bo‘ladi. Uning suhbatlashishdagi qo‘polligi, noo‘rin so‘zlarni ko‘p ishlatishi, ovqatlanishdagi shoshishi, atrofidagilarga gumonsirab boqishlari - bular boshqalar ham sezishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlardir. Ularning ichki tuyg‘ulari - o‘zgalar uchun yopiq qasrdir. Qamoqdan qutilib chiqqan o‘smir umid qilgani - ozodlikda o‘zini noqulay xis qila boshlaydi. Hatto ota-onasi yaqinlari bilan suhbatlashishdan lazzat olmaydi. Balki o‘rganib qolgani jinoyat olamining fuqarolari bilan gaplashib o‘tirishni qo‘msaydi. Uyidagilar davrasida xomush o‘tirgan chog‘ida qamalib chiqqan biron odam yo‘qlab kelsa, uning chehrasi ochiladi. O‘sha odam bilan suhbatlashishni istaydi. Uning bu holatini qamoqqa qaytish ilinji bor ekan, deb baholamaslik kerak. Zero, ayrim o‘smirlarni aynan shu qo‘msash jinoyat olamiga qaytaradi. Shu o‘rinda mantiqsizlik borday ko‘rinadi: o‘smir tutqunlik davrida ozodlikka intildi, koloniyadagi tartiblardan bezdi. Endi o‘tmishni qo‘msashini nima deb asoslash mumkin? Qamoqda o‘tgan oylar, yillar begonalar bilan yaqinlashtirdi, ayni choqda esa yaqinlaridan uzoqlashtirdi.
Agar bola o‘g‘irligi uchun qamalib chiqqan bo‘lsa, undan hadiksirash boshlanadi. Qarindoshlarinikiga borsa «biron narsani o‘marib ketmasin», deb izidan ko‘z uzishmaydi. Militsiya ham uning tavbasiga ishonmay, nazoratini susaytirmaydi. Bola koloniya tutqunligidan ozod bo‘lsa-da, har tomonlama nazorat tutqunligida qolib asabiylasha boshlaydi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, qamoqdan chiqqan o‘smirni jamiyat quchoq ochib kutib olmaydi. Aksincha jinoyat olami quvonib qarshilaydi. Kerakli narsalar, xususan mablag‘ bilan ta’minlaydi. Oqibatda to‘g‘ri yashash istagida chiqqanlarning ayrimlari tavbalarini unutadilar.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:48:38
Qamalib chiqqanlarni birov ishga qabul qila qolmaydi. Ular avvalgi ishlariga ham qaytolmaydilar. Kompyuter o‘yinxonasining boshlig‘i shunday bolani ishga qaytib olmadi. «Komyuterlarim o‘g‘irlansa kim to‘laydi?» dedi. Moddiy tomondan qaralsa, u haq. Lekin uni ma’naviy tomon mutlaqo qiziqtirmaydi. Qamalib chiqqan bola undan o‘ch olish uchun ham o‘yinxonasini o‘marib ketishi mumkinligini o‘ylamaydi.
Ch. ismli o‘smir bezoriligi uchun ushlanib, qamalishi lozim bo‘lganida u ishlaydigan korxona o‘rtaga tushib, kafillikka oladi. Bu albatta, olijanoblik belgisi. Ammo kafillikka olish - qamoqdan qutqarib qolishgina emas. Korxonaning kafillikka olgani - shu yigitchani o‘zimiz tarbiya qilamiz, degan va’dani anglatadi. Ch. qamoqdan qutilib qolgach, ikki oydan so‘ng ishdan bo‘shab ketadi. Korxona uni olib qolishga harakat ham qilmaydi. Kafillikka olishga olib qo‘yib, keyin «bitta bezoridan qutulsak qutulibmizda», deydi. «Kishini mehnat tarbiyalaydi», deymiz. Bu haqiqatni inkor etmaymiz. Ammo har qancha ishlashga majbur qiling, agar ma’naviy kamolot masalasi hal etilmasa, bu zo‘raki mehnat ijobiy samara bermaydi. Korxonada ma’naviy kamolot masalasi bilan shug‘ullanuvchi odam yo‘q edi. Ch.dan ertadan kechgacha dastgoh yonidan jilmay ishlashni talab etishdi. Kunda necha martalab uni qamoqdan olib qolishganini ta’na qilishdi. Ch. bu yerdan ketdi-yu, ozod qushga aylandi va nodon qush kabi yana tuzoqqa ilindi. U bir yarim yil koloniyada o‘tirib, yaxshi xulqi uchun muddatidan ilgari ozod qilindi. Avval ishlagan joyiga qaytmoqchi bo‘ldi. Olishmadi. Qamoqdagi «zo‘r»larning tavsiyasi bilan kattalar to‘dasi uni bag‘riga oldi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:57:26
K.ning taqdiri o‘zgacharoq bo‘ldi. U qamoqdan chiqib ota-onasi yoniga qaytmay, shaharda yashaydigan buvisinikiga keladi. Shu yerda yashab, to‘g‘ri yo‘lga tushishni niyat qiladi. Ammo ishga joylashishga ulgurmay buvisi vafot etadi. Uyni nabirasi nomiga vasiyat qilgan bo‘lsa-da, K. shahar ro‘yxatiga(propiskasiga) olinmaydi. Bu degani uni birov ishga ham ololmaydi. Oqibat K. ham jinoiy to‘dadan panoh topadi.
Qamalganlarning aksari ishdan yoki o‘qishdan haydalishgan bo‘lishadi. Korxona va muassasalar 18 yoshga to‘lmagan o‘smirni o‘z xohishicha ishdan bo‘shatishga haqli emaslar. Ular bunday hol yuzaga kelganda voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari bilan maslahatlashgan holda ma’lum bir qarorni qabul qilishlari kerak. Bu o‘rinda qonunni buzsalar-da, hech kim ularga biron chora ko‘rmaydi. Xatto sudda «shu o‘smir ishdan haydalib ko‘chada qolgani uchun jinoyat qildi», degan gapni eshitmaymiz. Aksincha uni shaxsini aniqlash jarayonida «yomonligi uchun ishdan ham haydalgan», deb ta’kid etiladi. «Bola yomon ekan, uni yaxshi toonga burish uchun qanday chora ko‘rildi?» degan savol kun tartibiga qo‘yilmaydi.
Ayrim yillardagi kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, qamalganlarning 53-60 foizi jinoyat bilan qo‘lga olinguniga qadar biron yerda ishlagan, 35-40 foizi esa o‘qigan. 5-6 foizi hech qaerda ishlamagan, o‘qimagan. Demak, ishlagan va o‘qiganlar qamoqdan chiqib boradigan joylari tayin. Ammo... Hamma balo shu «ammo»da. Qamoqdan chiqqanlarning 10-15 foizi yarim yil orasida yana jinoyat bilan sudlanishining sababi ham o‘sha «ammo»da.
Qamoqdan chiqqan o‘smirlarni kattalarning pishib-etilgan to‘dasi ehtiyotlik bilan qatoriga oladi. Ularga jiddiy ish topshirilmaydi. Ularga asosan dastyorlikni topshirishadi. Chunki ular o‘smirlar bilan ishlashning xatarli ekanini bilishadi.
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:57:46
O‘smirlarni qatoriga bemalol tortaverishi mumkin bo‘lgan to‘dalar asosan 20-25 yoshdagilar bo‘lishadi. Yoki jinoyat olamida ishi yurishmagan yakka shaxslar ham o‘zlariga tortishga urinadilar. O‘smirlarni jinoyatga tortish qonun yo‘li bilan jazolanadi. Lekin ularni jazoga tortish oson ish emas. Z. ismli bola taksi yollab, ovloqroq yerga borganda haydovchining boshiga bolg‘a bilan urib behush qiladi-yu, pulini o‘marib, qochadi. Buni bola o‘z tashabbusi bilan qilgan ham bo‘lishi mumkin. Lekin ayni holatda unga qo‘shni uyda turuvchi S. ismli aroqxo‘r yo‘l-yo‘riq o‘rgatgan. Ammo bu aybni u bo‘yniga olmaydi. Militsiya esa oqilona yo‘l tutib, Z.ni ham qo‘yib yuboradi. Oradan vaqt o‘tib, «ustoz-shogird» do‘kon qulfini buzishayotganida birgalikda qo‘lga olinadilar.
Jamiyatdan mehribonlik ko‘rmagan o‘smirlarning ayrimlari 2-3 yoki 4-5 kishi bo‘lib o‘zlaricha to‘da tuzishlari ham mumkin. Lekin bu to‘dalarning umri uzoq bo‘lmaydi. Tez orada qamoqqa qaytish bilan yakunlanadi. Qamoqdan keyingi chiqishida qanday dunyoqarashga ega bo‘lishini aytish shartmikin?
Demoqchimizki, bo‘ysunmas bolalarni jinoyat jari yoqasida tutib qolish uchun qanchalik ziyraklik, mehr-shafqat, donolik zarur bo‘lsa, qamoqdan chiqqanlar uchun bu e’tibor ikki karra zarurroqdir. Shuni nazarda tutib bir taklifni o‘rtaga qo‘ymoqchimiz:
Qamoqqa tushgan o‘smirlar va ozodlikka chiqarilganlar bilan ish yurituvchi bir xayriya jamg‘armasi tuzilsa. (Ehtimol uning nomi «Shafqat» bo‘lar?) Jamg‘arma bolani qamoqqa tushgan onidan boshlab nazoratiga olsa. Ya’ni vaqti-vaqti bilan undan xabardor bo‘lib tursa. Lozim bo‘lganida koloniya ma’muriyati oldida uning huquqini himoya qilsa. Agar bolaning ota-onasi yordamga muhtoj bo‘lsa, ularga ham ko‘mak berib tursa. Xullas, tutqun o‘smir o‘z atrofida mehribonlar borligini, ozodlikka chiqsa xor bo‘lmasligini xis qilib tursa. Jamg‘arma faollari uni qamoqdan chiqib kelishidan kutib olishsa. Ozodlikdagi hujjatlarini rasmiylashtirishni tezlatishga yordam berishsa. Xullas, barcha sohada uning huquqlarini himoya etsa. To ishga joylashib, o‘zini o‘nglab olguniga qadar moddiy jihatdan ham ko‘maklashib tursa. Xullas, adashgan o‘smirning hayotdagi o‘z o‘rnini topishi uchun nimaiki zarur bo‘lsa, shu ishlarga mas’ul bo‘lsa, qamoqxonaga qaytarib boradigan yo‘llar tamoman berkilarmidi...
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:58:03
Qamoqdan chiqib kelgan o‘smirning ko‘ngli o‘ksik ekanini zinhor unutmasligimiz kerak. Ko‘ngli cho‘kkan odamning ko‘nglini ko‘tarmoqlik, savob deydilar. Hazrat Navoiy buning savobini buzilib yotgan Ka’bani obod qilish martabasiga tenglashtiradilar. Deydilarkim:
Kimki, bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay
Onchi borki, Ka’ba vayron ersa obod aylagay.
Va nihoyat:
Va nihoyat, fikrlarimizni xulosalash fursati yetdi.
Avvalo fikrlarni bayon etmog‘imizda kuch-quvvat bergan, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan robbimiz Ollohga shukrlar qilamiz. Biron yerda adashgan bo‘lsak tavba qilamiz va siz azizlardan, ham uzr so‘raymiz. Vaqtingizni ayamay biz bilan muhim bir masalada hamsuhbat bo‘lganingiz uchun rahmatlar aytamiz. Olloh to qiyomatga qadar zurriyodlaringizni jinoyat olami balolaridan asrasin.
Hazrat Navoiy degan ekanlarkim:
Kimsa ming yil komronlik qilsa bilkim, arzimas
Dahr aro bir lahza bo‘lmoqqa birov komi bila.
(Aytilmoqchikim, ming yil murodu maqsadingga yetib shodu xurramlikda yashaganing o‘zgalarni murodiga yetkazmakka sarf etgan bir lahza umringga arzimaydi.)
Nom: Re: Jinoyatning uzun yo'li (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: Ansora 02 Mart 2010, 21:58:37
Kamina ham shu niyatda sizlarni - ota-onalar va tarbiyachilarni suhbatga chorlagan edim. Gapni muxtasar qilolmagan bo‘lsam, aybsitmang. Masala shunchalik muhim edi-ki, uch-to‘rt so‘z ila bayon etmoqlikning imkoni bo‘lmadi. E’tiboringizga havola etilgan misollar va raqamlar bir oyning yoki bir yilning mahsuli emas. Kuzatishlar ko‘p yillar davomida olib borildi. Suhbatimizda keltirilgan ayrim raqamlar ba’zi birodarlarimiz uchun balki eskirib qolganday tuyular. Ehtimol «qamalib chiqqanlarning 10 foizi yarim yil ichida yana qamoqqa qaytadi», degan misolimiz 2002 yilda sakkiz yoki o‘n ikki foizni tashkil etgandir. Biz bu o‘zgarishlar mumkinligini inkor etmaymiz. Bizni o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan narsa raqamning katta yoki kichikligi emas, balki shu holning mavjudligi. Qamalib chiqqanlarning 1-2 foizi yana qamalsa ham biz e’tiborimizni susaytirmasligimiz kerak. E’tiborimiz susaydimi, demak, bu raqam kelgusi yili 20 foizni ko‘rsatib qo‘yishi ham mumkin.
O‘smirlar ruhiyatini tahlili jarayonida bayon etilgan fikrlarga qo‘shilmasligingiz yoki ularni butunlay rad etmog‘ingiz ham mumkin. Biz mutlaq to‘g‘ri fikrga da’vo qilmaymiz. Biz bayonlarimizni e’tiboringizga havola etib nazariya yaratishni maqsad qilib qo‘ymaganmiz. Shubhasizki, bu masalalarni bizdan ko‘ra yaxshiroq biladigan, yaxshiroq idrok etadigan olimlarimiz ham ko‘p. Kamina olim emas, balki, huquq ilmidan bir chimdim, ruhshunoslik ilmidan bir chimdim biladigan bandadir. Umid ulki, olimlarimiz bu mavzudagi suhbatni davom ettirsalar, o‘smirlarning ruhiy olamiga doir yaxshi-yaxshi risolalar bitib xalqqa in’om etsalar. Ularning bunday xayrli ishlariga Ollohdan madad so‘raymiz.
Duo qilamiz: hech kimning suyukli farzandi jinoyat ko‘chasiga yaqin ham kelmasin. Farzand dunyoga kelganda, ota-ona qalbida tug‘ilgan shirin orzu-umidlar amalga oshsin. Olloh hech bir bandasini hidoyatdan adashtirmasin. Omiyn ya Rob al-olamiyn.

"Ma'rifat" gazetasidan olindi.