forum.ziyouz.com

Kutubxona => Adabiyotshunoslik => Adabiy esdaliklar, xotiralar => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 01 Mart 2010, 09:09:13

Nom: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: AbdulAziz 01 Mart 2010, 09:09:13
Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)

(http://www.ziyouz.com/images/books/tmurod4.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=154)

Muallif: Ma'suma Ahmedova
Hajmi: 699 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=154)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=4482.0)
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: AbdulAziz 01 Mart 2010, 09:11:09
MEN  QAYTIB
KELAMAN


Toga’y Murod zamondoshlari xotirasida

(http://ziyouz.com/rasmlar/articles/tmurod3.jpg)

Mazkur kitob XX asr o’zbek adabiyotida o’zining yorqin asarlari bilan chuqur iz qoldirgan, adabiyotimiz taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan, o’ziga xos betakror uslub, maktab yaratgan O’zbekiston xalq yozuvchisi, Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Tog’ay Murod haqidagi xotiralardan tashkil topdi.
Yorug’, nurli yodnomalar adabiyotning haqiqiy muxlislarini befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

To’plovchi:
Ma’suma AHMEDOVA

Nashrga tayyorlovchilar:
Ma’suma Ahmedova, Farrux Jabborov, Jasur Kengboev
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:29:19
MUNDARIJA

Barhayot ijod. Tuzuvchidan

YORQIN YODNOMALAR

Said Ahmad. So’z  zargari
Odil Yoqubov. Mening xotiralarim
Pirimqul Qodirov. Qalbi asarlarida qolgan adib
Shuhrat  Abbosov. Xalqi kabi barhayot
To’ra Mirzaev. Otlar ham yig’laydimi?
Jumaniyoz Jabborov. O’xshasa, o’ziga o’xshaydi
Umarali Normatov. Jahon adabiyotiga oshufta ko’ngil yoxud sokin qalb iztiroblari
Nosir Fozilov. Ukadek aziz, do’stdek  qadrdon edi
Ne’mat Aminov.   Kuyov sarposi izlab
Bahodir  Sarimsoqov. Qisqa, ammo mazmunli   umr
Ibrohim G’afurov. Hassos daryo
Abdug’afur Rasulov. Halol ijod
Nurislom To’xliev. Armon
Mahmud Sa’diy. U — hamon sahnada
Halima Xudoyberdieva. Tog’ay Murod  degani — tog’day murod degani...
Omon Muxtor. Oroli bor odamlar
Nosir Muhammad. O’z xalqiga haykal  qo’ygan adib
Mirpo’lat  Mirzo. Oq sallali tog’lar duosi
Yo’ldosh Eshbek. Mo’minning karomati yoki oriyat kuychisi
Nodir Normatov. Ot kishnagan oqshom
Xurshid  Do’stmuhammad. Tog’ay Murodning sirli dunyosi
Sayfiddin   Hodiev. O’zbek kurashini jahonga ko’targan asar
Mahmud Sattorov. Tog’ay Murodni tanish   
Shodmon Otabek. O’zi ham,  ijodi ham betakror
Sattor Alimardonov. Mening bolalik do’stim
Sahobiddin Xolmatov. Mangulikka daxldor ijod
Tojiddin Razzoq. Tog’ay Murod
Yuriy Podporenko. Tog’ay Murod asarlari tarjima qilinishi shart
Jo’ra Qodirov. Atoqli adibning firqa zulmidan xo’rlangani haqida
Mirzapo’lat Toshpo’latov. Kunlardan bir kun
Chorsham’. «Shoir ukam, yaxshi!»
Mahmud Abulfayz. Tog’ay Murod dalalari   
Sulaymon Obloqulov. Ko’ngli behad nozik edi
Norqobil Jalil. «Men yer bilan salom-alik qilaman»
Said   Murod. «Boshimni zo’r ishga berib qo’yibmen»
Vafo Fayzulloh. Abadiyat
Sobir O’nar. Chinakam ustoz
Boboqul Norqobul. «Bolamni hech kimga bermayman»
Hulkar To’ymanova. Bir suhbat tarixi
Mehriniso Oydinova. Men bilgan Tog’ay Murod
Dilfuza Shomalikova. Taqdirga aylanar so’zlar
Chori  Nurullaev. Mening hamqishlog’im
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:30:20
BIR KO’RMOQ ISTARDIM...

Boir  Xolmirzaev. Saboq
Umida To’laganova. Zamondoshlik quvonchi
Sa’dina Bobomurodova. Sizni bir ko’rmoq istardim
Karimberdi To’ramurodov. Kechikish
Jasur Kengboev. Tog’ay Murod bilan  xayolan    suhbat
Farrux Jabborov. Biz   baxtli  odamlarmiz   

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:31:05
BARHAYOT IJOD

Men qaytib kelaman!
Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romanini Dehqon¬qul tilidan shunday so’zlar bilan xotimalaydi.
Shunda asar qahramoni bilan birga azob, rutubat chekkan, alam-qiynoqlardan ezilgan, qayg’uga botgan kitobxon birdan tin oladi, jonlanadi. Xuddi mayin epkin esganday, ozor to’la vujudi orom olganday bo’ladi.
Men qaytib kelaman!
Ushbu xitob ko’ngillarga orom beradi...
Ko’tarinki kayfiyat kishining ruhini ko’taradi, kelajakka umid uyg’otadi. Bu so’zlar go’yoki qiynoqlarda qolgan, yurak-bag’ri qon kitobxonga roman qahramoni singari taskin-tasalli beradi.
Men qaytib kelaman"¦
Biz qo’limizdagi xotiralar jamlangan kitobni shunday nomladik. Bu so’zlardan anglashiladiki, ko’nglimiz bo’lgan yozuvchimiz hamisha biz bilan birga, u yonimizda...
Tog’ay Murod — adabiyotimizda yorqin voqea bo’ldi. Bu e’tirof minbarlardan tobora ko’proq jaranglamoqda. Uning  shaxsiga qiziqish, ijodini yanada teranroq anglashga intilish tobora ortib bormoqda.
Zamondoshlari Tog’ay Murodni yodga oladilar, xotirlaydilar, uning ijodi, adabiyot haqida so’z yuritadilar. Bu so’zlarda yozuvchi hayotining qaysidir lahzalari muhrlanadi. Kitobxon ko’z o’ngida badiiy so’z san’ati ustasi bo’lgan cho’ng adibning xuddi asarlari kabi qaytarilmas, o’ziga xos fe’l-atvori, qat’¬i¬yatli, olijanob qiyofasi gavdalanadi. Bu kitob, avvalo, yozuvchi-ijodkor haqidagi tasavvurlar, taassurotlar boyishiga xizmat qiladi. Umidimiz shunday.
Maqsadimiz, bunyod etish iste’dodi, qudratiga ega katta ijodkor shaxsi, butun borlig’i, qalbi, ichki olamining ko’z oldingizda namoyon bo’lishiga ko’maklashish. Va yana... badiiy so’z qudrati bilan umr¬boqiy va umuminsoniy asarlar yarata olgan adib portretini chizish, uning asarlarini tahlil qilish orqali qalblarni ezgulikka chorlashga qodir buyuk kuch — adabiyotga muhabbat uyg’otishdir.
Men qaytib kelaman!
Yozuvchi shunday deb xitob qiladi. Komil ishonch bilan o’z romaniga nuqta qo’yadi.
Ana shu komil ishonch bizni ham tark etmaydi.
U — qaytib keladi!
Tuzuvchidan
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:31:52
SAID AHMAD

SO’Z  ZARGARI


Hech bir yozuvchiga o’xshamagan ajoyib adibimiz Tog’ay Murod  ko’p vaqt Parkentda ijod qildi. Parkentning so’lim Kumushkon tomonlari qaysidir jihatlari bilan u tug’ilib-o’sgan olis Surxonning Xo’jasoat qishlog’ini eslatib turardi. Xo’jasoatda jazirama qirq yetti darajaga yetadi. Kumushkonda esa o’ttiz ikki-o’ttiz besh darajadan oshmaydi.
Tog’ay mana shu nafas olsa bo’g’zini kuydiradigan qaynoq havoni, ustiga chiqib tik tursang, kalishni eritib yuboradigan olovdek tovatoshlarni sog’inib yurtiga talpindi. U hammavaqt yurtini sog’inib yashadi. Yilda bir marta ona yurtini aylanib kelmasa, qaynoq havosidan nafas olmasa, ko’ngli joyiga tushmasdi.
Olisda turib yozgan asarlarida inson yuragidek urib turgan sog’inch hissi oppoq qog’oz betiga tomchiladi.
Tengdosh bolakaylar bilan quvlashib katta bo’lgan, ko’z ochib olamni tanigan Xo’jasoat bilan Vaxshivor adirlari, bir zum bo’lsin, ko’z o’ngidan ketmadi. Tog’ayning jismi Parkentda-yu, ko’zi, qalami o’zi o’sib voyaga yetgan ona yurtida bo’ldi. Parkent bilan Xo’jasoatni bog’lab turgan sog’inch hissi asar bo’lib qog’ozga quyildi. Shunda sog’inchning ham isi, rangi, vazni bormikan, degan o’yga bordim.
Ushalmagan armonlarini, tortgan jabru jafolarini ichida yonayotgan olovlarga qorishtirib yashayotgan, hatto tilab olgan nevarasiga ham, uy ostonasigacha qadamiga poyandoz yozib, «yor-yor» bilan tushirib olgan, kelin bo’lib, kelinlik gashtini surmagan, mehnatdan boshi chiqmagan, alamlarini ichiga yutgan, umri zabunlikda o’tayotgan keliniga ham nafrat bilan qaraydigan Bolxin momo qaydan paydo bo’ldi? Adabiyotimizda bunaqa obraz birinchi marta yuz ko’rsatishi edi. Romanda o’quvchi qalbini larzaga soladigan bunday holatlar juda ko’p.
Dehqonqulning xotini adolatsizliklarga, bu yolg’on dunyoga, ayol degan sha’n-shavkatini so’ndirgan, toptagan, robotga aylantirib qo’ygan sho’ro tuzumiga isyon ko’tarib, o’ziga o’t qo’yadi.
Dehqonqul xotini ertayu kech bag’riga bosib yashagan beshikni olib, endi bu xonadonda farzand tug’ilmaydi,  deydi. Go’dak bosh qo’ygan yostiqchadan, belbog’dan, gavrapo’shdan sut hidi gupillab kelib turardi. Dehqonqul bir zum hushidan ketgandek chayqaladi. Beshikni chordoqqa opchiqib ketayotganda uning hammasiga she’r, qo’shiqlar bitilganini ko’rib qoladi. Shunda u bu xonadon kimni yo’qotganini biladi. Birinchi marta yuragida sanchiq sezadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:32:11
Romanning shu joylarini o’qiyotganda kitobxon ko’ksidan faryod otilib chiqadi.
Boshqa adiblarda qisman bo’lsa ham avvalgi asari ruhi sezilib turishining sabablari to’g’risida gapirgandim (bu shakkokligim uchun ustozlarim, do’stlarim meni kechirishsin). Tog’ay nega o’zini o’zi takrorlamaydi? Bunga sabab — u butunlay boshqa joyda, boshqa sharoitda, makonda, boshqa ruhiyatdagi, butunlay boshqa savdolarni boshidan kechirayotgan insonlar hayotini asarlariga mavzu qilib oladi.
«Oydinda yurgan odamlar» qissasidagi butun umrini farzand orzusida yashab o’tkazayotgan farishtadek pokiza, nurga yo’g’rilgan bir juft qariyaga «Ot kishnagan oqshom» asaridagi Ziyodulla chavandozdan biror ruhiy holatning o’tishi mumkin emas. «Oydinda yurgan odamlar»ni o’qishingiz bilan sizni  allaqanday sirli, sehrli oydin kecha bag’riga oladi. Ichingizga ajib bir nur o’rmalab kiradi, dillaringizni yoritib yuboradi.
Tog’ay bir-birini bobosi, momosi, deya atab umr o’tkazayotgan bir juft oq kaptardek pokiza insonlarni oydinda, oy nuriga o’rab tasvirlaydi. Oqibat, ushbu juftning o’zi ham, so’zi ham, fikri ham, turish-turmushi ham oyning kumush nurlariga yo’g’rilib ketadi.
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasi Surxon polvonlari hayotidan hikoya qiladi. Unda na «Oydinda yurgan odamlar»dan, na «Ot kishnagan oqshom»dan  biror ruhiyat ko’chib o’tmagan. Chunki avvalgi bir-birini takrorlamagan qissalar bu asarga, zarracha bo’lsin, ta’sir ko’rsatmagan. «Yulduzlar mangu yonadi» mutlaqo o’ziga tashqaridan ta’sir yuqtirmagan, «ekologik toza» asar.
Tog’ayning hamma qissalarini e’tibor berib kuzatsa¬ngiz,  asarga shunchaki, boshi aylanib kirib qolgan birorta personajni ko’rmaysiz. Hammasining asarda o’z vazifasi, qiyofasi, o’z tili, o’z dunyoqarashi, o’z qismati bor. Ular o’quvchining yodida bir butun shaxs sifatida saqlanib qoladi.
Asarni bunaqa qilib yozish qiyin, benihoya qiyin. Tog’ay yangi asarini e’lon qilganda tabriklagan do’stlariga yana bitta qissani yozib qo’ydim, deb o’z quvonchini bildiradi. O’sha «yana bitta asar» hadeganda nashriyotga kelavermaydi. Biror besh yil o’tib matbuotda paydo bo’ladi. Shu besh yil davomida Tog’ay «bitgan» asarini o’ngidan chapiga, chapidan o’ngiga o’qib, sahifalarini timdalab-timdalab, ishlayveradi. Har bir so’zni zargar tarozida tortib, jumlalarning uzun-qisqaligini chizg’ichda o’lchab, sahifalarning tinkasini quritadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:32:40
Shuncha yil yozuvchilik qilib, hali Tog’aydek qo’lyozma ustida uzoq ishlaydigan yozuvchini ko’rmaganman. Bir suhbatimizda Tog’ay: «Men hech kimdan qo’rqmayman. Har qanday zo’ravon bilan tikka olisha olaman. Ammo kitobxondan qo’rqaman. O’lay agar, juda qo’rqaman», degandi.
«Yulduzlar mangu yonadi» degan birinchi qissasi unga juda katta shuhrat keltirdi. Asar qo’lma-qo’l bo’lib o’qildi. Bu qissasini Tog’ay o’z tanasidan chiqib ketib, o’zini ham, atrofidagi jami narsalarni, odamlarni, bahoru kuzlarni, qishu saratonlarni, osmonni to’ldirgan turnalarni unutib, bir darvesh qiyofasiga kirib, dalli devona bo’lib yozdi.
Undan, shu qissani qanday yozganingni eslay olasanmi, deb so’raganimda, u jindek iymanib, o’ngimda emas, tushimda yozgandekman, deb javob bergandi.
 Tog’ay Murodning mashhur  «Otamdan qolgan dalalar» romanida turkiylar birligi tilga olinadi. Asar qahramoni Dehqonqulning ota-bobolari  asli Farg’ona tomonlardan. Chor hukumati Turkistonni zabt qilganda, Dehqonqulning o’ta taqvodor bobosi Jamoliddin ketmon surbet, axloqsiz chor zobitlari tomonidan oyoq osti qilinayotgan, ming-ming yillik urf-odatlar, vodiy ahliga xos bo’lgan pokizalik toptalayotganidan, Simda (Sim Farg’onaning avvalgi nomi) islovatxona ochilganidan, har qadam qovoqxona (kabak) bo’lib ketganidan, kofir zobitlar musulmon ayollariga hirs bilan tikilayotganidan dili og’riydi. Endi u Farg’onaning pok suvi, rizq-nasiba beradigan toza tuprog’i harom bo’ldi,  deb bola-chaqalarini olib boshi oqqan tarafga ketadi. Taqdir taqozosi bilan bu darbadar oila cho’llarda sarson-sargardon bo’lib Surxonning Denov taraflaridan qo’nim topadi.
Jamoliddin ketmonning o’g’li surxoni Aqrab bosmachilarga qo’shilib, haqoratlar, kamsitishlar uchun bu dunyodan irganib yashagan otasi uchun chor hukumatidan o’ch olishga ahd qiladi.
O’zbekning boyliklarini tashib ketayotgan, oltinlarini qoplab orqalagan bosqinchilarni ko’z ochirmay o’qqa tutaveradi, o’qqa tutaveradi.
Inqilob bo’lib, endi ko’ksimizga shamol tegadi, deganlar tillarini tishlab qoldilar. Chorizm boshlagan talonchilikni sho’ro undan o’n chandon oshirib davom ettirdi. Buxorodan vagon-vagon oltinlar Maskov tomon keta boshladi. Xonadonlarda ko’z qorachig’idek saqlanayotgan noyob buyumlar, ming yillarning nari-berisida yozilgan, fanga, tarixga aloqador qo’lyozmalar tashib ketildi. Qo’mondon Frunze bilan Kuybishev Buxoroni ship-shiydam qildi. Budyonniy esa Boysunni taladi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:33:09
Tog’ay Murod qissalarini o’qir ekanman, har gal yangi bir yozuvchini ko’rgandek bo’laman. U kechagi hammani qoyil qoldirgan «Yulduzlar mangu yonadi» yoki «Ot kishnagan oqshom» qissalarini yozgan Tog’ayga o’xshamaydi. «Oydinda yurgan odamlar»ni boshqa Tog’ay yozgan, deb o’ylaysiz.  Ha, uning asarlari sira bir-birini takrorlamaydi.
Yozuvchiga avvalgi asaridan qolgan hayajonlarini unutish qiyin kechadi. Qisman bo’lsa ham o’sha his-hayajonlarni beixtiyor takrorlayotganini o’zi sezmaydi.
Men o’zim uchun, balki adabiyot uchun Tog’ayni mana shu «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom» qissalari bahonasida kashf qilgandirman.
O’zbekiston Yozuvchilari plenumida hammaning nazaridan nari surilgan, go’yo adabiyotimizda qo’lga ilinadigan hech narsa yo’q,  deb turganlarida katta, mo’’tabar minbardan turib, Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» hamda «Ot kishnagan oqshom» qissalari keyingi yillarda yaratilgan asarlarning eng yaxshisi, deb baralla aytganman. Buni Tog’ay o’limidan roppa-rosa bir oy avval «Ma’rifat» gazetasi muxbiri jurnalist Hulkar To’ymanovaga bergan  intervyusida minnatdorlik bilan eslaydi.
«Hurmatli yozuvchimiz Said Ahmad bir kitobingizga yozgan so’zboshida «Tog’ay Murod adabiyotga tutab emas, yonib kirdi», deb yozdi. Siz ushbu bahoni qanaqa qabul qildingiz?» — degan savolga u shunday javob qiladi:
«Men bu gapni Said Ahmadona mardlik va halollik, deb qabul qildim. Ayrim adiblar asarimni o’qib, «Qadam olishingiz yomon emas», «Tengdoshlaringizdan kam emassiz», «Anavi asaringizni o’qisa bo’ladi» qabilida yoqtirmagansimon gaplar qildi. Hatto «Adabiyotga aralashib qolibsiz? Obbo siz-ey», deguvchi ichiqora yozuvchilar ham bo’ldi. Said Ahmad esa: «Tog’ay Murod o’zbek tilini kuylatdi. O’zbek tilining jami jilvalarini oftobga solib ko’rsatdi», deb yozdi. Har bir asarimni halollik bilan ko’z-ko’z etib, ulug’ladi. Said Ahmad ana shu halolligi, ana shu mardligi uchun, mana, to’qson yoshni qoralab boryapti».
Bolxin momoning eri surxoni Aqrab hali ham sho’ro bilan olishib yotibdi. Boyliklarni Maskov tomon tashib ketayotgan sho’roning hali u yeridan, hali bu yeridan o’qqa tutyapti. Haligacha oq-qorani farq qilmaydigan o’g’li Dehqonqul esa tuproqni yalagudek bo’lib, burni yerga tekkunicha jonini jabborga berib ishlayapti. U faqat ishlashni biladi. Hosilni kim olyapti, bu bilan ishi yo’q. Ish meni baxtli qiladi, deb o’ylaydi bu sodda o’zbak.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:33:22
Bolxin momo xonadoni bundan buyon ro’shnolik ko’rmasligini  biladi. Sho’roga o’q uzgan bosmachining nevaralari endi oyoq ostida o’ksib yashashga mahkum ekanini his etadi. U butun tanini nafrat, alam, iztirob jingirtob qilib tashlagan ojiz-notavon kimsa!
Bolxin momo xuddi mana shu qiyofada adabiyotda paydo bo’ldi.
Dehqonqul xotinining o’ziga o’t qo’yganini soxta hujjatlar bilan rasmiylashtirayotgan rayon kattalariga qarshi boradi. «Bu xotin gulxan yonidan o’tayotganida tasodifan yonib ketgan», degan hujjatni ko’rib g’azabga keladi. Endi Dehqonqulning o’ziga hujum boshlanadi. Qo’shib yozish kampaniyasida uni ham qamoqqa tiqadilar.
Gdlyanchi-ivanovchilar ho’lni ham, quruqni ham barobar yondirayotgan paytlar edi. Dehqonqul qamoqxonada inson bolasi chidashi qiyin bo’lgan azoblarga giriftor bo’ladi. Tergovchilar uning  «sodda»ligidan foydalanmoqchi bo’lib, rayon, oblast, respublika rahbarlariga tuhmat qilishni talab qiladilar.
Ko’pincha Dehqonqulning dalasiga rahbarlar kelib turishar, qilayotgan ishlaridan nihoyatda quvonardilar. Mukofot tariqasida, shu bola ham dunyo ko’rsin, odam tanisin deb, plenumlarga, qurultoylarga chaqirishardi. Ozmi-ko’pmi mukofotlarga ham loyiq ko’rishardi.
Endi tergovchilar unga rahnamo bo’lgan rahbarlarni ilintirish payiga tushadilar. Falon vazirga qancha pora bergansan, falon sekretarga nima sovg’a qilgansan, deb javob talab qila boshlaydilar. O’zi sodda bo’lgani bilan irodasi kuchli Dehqon¬qul ularga bo’yin bermaydi. Oxiri shunday bo’ladiki, begunoh pokiza inson uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilinib, belgisiz «borsa kelmas» tomonlarga jo’natib yuboriladi.
Dehqonqul oxirgi marta dalalarga qaraydi. Quvonch bilan, bu yil paxta mo’l bo’ladi, deb yuboradi. Oyog’ing ham, rizq-nasibang ham bu dalalardan uzilgan. Endi bu sen «javlon» urgan dalalarni ko’rish yo’q. Bolalaringni, dunyodan «to’ygan» onangni o’ylasang-chi, deb qichqirging keladi.
Hosil ko’p bo’lsa, kolxoz badavlat bo’ladi, odamlar to’q bo’ladi... deb ko’nglidan o’tkazyapti shekilli... E, sodda o’zbak, sen qachon badavlat bo’lasan, qachon bolalaringning qorni to’yadi, deging keladi. Yo’q, Dehqonqul bu gaplarga tushunmaydi. Shu dalalarni o’ziniki, o’zini shu dalalarniki, deb biladi.
Dehqonqul olis yurtlarda halok bo’lib ketar. Ammo uning ruhi o’zi sevgan dalalarda shamoldek aylanib yuradi. Tonggi epkinlarda asta silkinayotgan yashil yaproqlarni g’oyibdan qo’l cho’zib silayotgandek bo’ladi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:33:34
« Nasim oshna, men Momoqizdan ulug’ini ko’rmadim!
Har er ko’ngilning qiz ko’ngilga aytadigan gaplari bo’ladi.
Ko’nglida shu gapi bo’lmagan yigit — yigit emasdir. Shu gapni qaysidir yigitdan intizor bo’lib kutmagan qiz-da  —  qiz emasdir. Dunyoga keldim, deb yurmasinlar!
Birov, bu gapni bir so’z bilan aytadi. Birov, ko’p so’z bilan  aytadi.  Tag’in birov, aytolmay qoladi...
Nasim oshna, men o’z gapimni Momoqizga aytolmay qoldim.
Nasim oshna, Momoqiz haliyam ko’nglimning tub-tubida yashaydi. Uni birov-da bilmaydi. Hatto Tilovberdining onasi-da bilmaydi...
Men Momoqizni uyqularimda ko’raman, u jilmayib-jilmayib qarab turadi...»
Bo’ri polvon bu gaplarni Nasimga — Momoqizning eriga aytyapti. Bo’ri polvon umr bo’yi unga yaxshiliklar qildi, o’z jigaridek ishondi. Yurak sirlarini yashirmadi. Hatto uni Momoqiz bilan o’rtasida vositachi qilib qo’ydi. Nasim esa uning hasrat to’la so’zlarini ataylab yetkazmasdi. Aksincha, Momoqizga o’zi muhabbat izhor qilardi. Necha yillardan beri ilhaq bo’lib, intizor bo’lib kutgan Bo’ri polvonning bir og’izgina dil so’zini eshitolmay, kuta-kuta ko’zlari tolgan Momoqiz bo’zlab-bo’zlab oxiri Nasimning tuzog’iga ilindi.
Hozir Bo’ri polvon bu gaplarni tap tortmay, baqrayib turgan Nasimning behayo ko’zlariga qarab aytyapti. Ko’nglida hamon Momoqiz muhabbati yashayotganini aytyapti.
Bo’ri polvon yuragida Momoqiz muhabbatining qadam izlari umrbod muhrlanib qolgandi.
Tog’ay Murodning qissasi Surxon polvonlari haqida to’lib-toshib yozilgan asar bo’lishi bilan birga u buyuk muhabbat dostoni hamdir.
Tog’ay Murodning xalq oldidagi, adabiyot oldidagi halol xizmatlari uchun u «Xalq yozuvchisi» degan unvon bilan taqdirlandi. Uni Abdulla Qodiriy nomidagi baland darajali mukofot laureati degan unvonga loyiq ko’rdi.
So’z ustasi, so’z zargari Tog’ay Murod cho’ng chinorlar ildizlaridek chuqur ildiz otib ketgan yer bolasining hech qaytarilmas qiyofasini katta san’at, mahorat bilan chizdi...
U ona yurtining kamalakdek yetti rangi aks etgan xonatlas  suvratini chizib ketdi.
Tog’ay Surxonning mungli va shu bilan birga sho’x, jo’shqin qo’shiqlarini kuylab o’tdi. Bu qo’shiq o’lmaydi, manguga ketadi.
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:34:24
ODIL YOQUBOV

MENING  XOTIRALARIM

Tog’ay Murod, shubhasiz, XX asrning yetmishinchi  yillarida adabiyotimizga kirib kelgan iste’dodli yozuvchi. O’sha yillardayoq, u o’zining «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» va boshqa asarlari bilan mashhur bo’lib ketdi.
Men uni birinchi marta G'afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir muovini bo’lib ishlagan payt¬larimda ko’rgandim. Tog’ay Murodning birinchi qissasi «Yulduzlar mangu yonadi» shu nashriyotda chop etilgandi. U bir qarashda juda dag’al, haddan ziyod g’ururi g’olib yigitga o’xshardi. Uncha-muncha yozuvchiniyam, uncha-muncha tanqidchiniyam nazariga ilmas edi. Bu xislat keyinchalik, katta romanlar yozganida emas, yoshlik payti, «Yulduzlar mangu yonadi» nomli birinchi qissasi nashr qilinganidayoq ma’lum bo’lib qoldi. Lekin, haqiqatan ham, bu qissa chiqqanida adabiyotimizga, shubhasiz, katta bir iste’dod kirib kelganidan dalolat berdi. Asarning tiliyam, uslubiyam o’ziga xos edi. Yozuvchi yaratgan qahramonlar xarakteriyam nihoyatda original, adabiyotda biz ko’p o’qigan kitob qahramonlarining xulq-atvoridan batamom ajralib turardi. O’sha vaqtgacha adabiyotimizda yaratilgan juda ko’p asarlardan boshqacha va eng muhimi, yorqinroq, o’ziga xos tomonlari bo’rtib ko’rinib turgan asar edi. Qissada ham va unga qo’shib chiqarilgan hikoyalarida ham uslubi jihatidan tamomila boshqacha bir adib namoyon bo’ldi.
U bir qarashda qo’pol, manman, hech kimni nazariga ilmaydigan odamga o’xshab ketardi. Keyinroq ma’lum bo’ldiki, ¬Tog’ay Murod manman emas, aksincha ko’ngli nozik, kamchiliklari ham, fazilatlari ham o’ziga xos bir inson ekan. Gaplashish usullaridan tortib, asarlarigacha alohida bir dunyo ekan. Keyinroq uning yirik asarlari buni yaqqol namoyon etdi. Ayniqsa, «Otamdan qolgan dalalar» romani chiqqanidan keyin u adib sifatida birdan yaraqlab ketdi. Tilga tushdi. Boya aytganimdek, avvalgi hikoya va qissalariyam dovruq qozongan edi, lekin bu romani, aytish kerakki, juda katta iste’dod yaratgan asar sifatida yarqirab ko’rindi. Men o’shanda Yozuvchilar soyuzining raisi edim. Biz qo’shni edik. Bir kuni ertalab telefon jiringlab qoldi. Olsam — Tog’ay Murod!
— Odil aka, — dedi u. — Men roman yozdim.  Hozir sizga olib boraman. Shu bugun o’qib chiqasiz!
— Hajmi qancha o’zi?
— O’n sakkiz bosma toboq bo’ladi.
— Katta narsa ekan. Men hali ishga boraman. Bir kunda butun bir romanni o’qib bo’larmidi? — desam, cho’rt kesib aytdiki:
— Siz avval o’qishni boshlang! Shunda o’zingiz ham qanday  tugatganingizni bilmay qolasiz!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:34:39
G’alati! Bu gaplarni yozuvchining o’zi aytyapti, o’zining asari haqida shunday deyapti! Hech kim bunday demaydi-ku! Kamdan-kam adib bunday muomala qiladi-da!
— Hay, olib kel, — dedim ensam qotib.
Sal o’tmay romanni ko’tarib kirib keldi. Asarni o’qiy boshladim. Boshladim-u, kech bo’lganini ham bilmay qolibman. Xullas kalom, haqiqatan ham, asarni kechqurungacha o’qib chiqdim. Chindan ham baquvvat asar edi. Adabiyotimizda, prozamizda so’nggi o’n besh-yigirma yil ichida yaratilgan juda original, haqqoniy, hayotning katta ziddiyatlarini ko’rsata olgan roman edi. Asar dehqonlar hayotining butun mashaqqatlarini, qiyinchiliklarini, dardu hasratlarini ocha olgan roman edi. Ayniqsa, asardagi ona va bola obrazlari meni larzaga soldi. O’sha vaqtlar paxta dalalarida dori ko’p ishlatilardi. Melkontapos degan. Bola ana shu dori tagida qoladi va o’ladi. Ona telbalanib qolib, paxtazorda faryod chekib, o’g’lini qidirib yuradi. Dahshatli manzara.
Tanqidchilik ham, kitobxon ham asarni juda yaxshi kutib oldi. Keyinroq esa roman Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi.
Bu voqealar asar chiqib, shuhrat qozongandan keyin bo’ldi. Ungacha esa ... (Men bu voqeani Tog’ay Murod xarakterining o’ziga xos tomonlarini ko’rsatish uchungina yozyapman!) Ungacha yana bir qiziq voqea yuz berdi.
Tog’ay qo’lyozmani menga olib kelgan kuni kechqurun telefon yana jiringlab qoldi. Trubkani olsam — Tog’ay Murod.
— Ha, o’qib bo’ldingizmi? — dedi u dag’al, o’ktam ovozda.
— Ha, o’qib bo’ldim!
— Qalay?
— Yaxshi, tabriklayman!
— Yo’q, telefonda tabriklamang! Men hozir boraman, oldingizga!
Keldi. Gaplashib o’tirdik. Men o’z fikrlarimni aytdim.
U quvonib ketdi. Keyin:
— Bir narsangiz bormi? — deb so’radi o’dag’aylab.
— Nimam? — dedim, tushunmagan bo’lib.
— Shuniyam tushunmaysizmi? Qanaqa to’pori odamsiz? Qittay-qittayni aytyapman. Bormi yo o’zim opkelaymi do’kondan!
— Yo’q, yo’q! Boshqaga bo’lmasayam senga topiladi, Tog’ay!
Gapning po’skallasi, qittay-qittay qildik.
Rahmatlik juda xursand bo’lib, chiqib ketdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:34:58
Demoqchimanki, u xuddi o’z asaridagidek, o’ta to’g’riso’z, bir qarashda juda dag’al, aslida esa nihoyatda ko’ngli nozik, samimiy, oqko’ngil inson edi...
Adabiyot qachon adabiyot bo’ladi? U bor haqiqatni ayta olsa, hayotning achchiq tomonlarini ko’rsata olsagina adabiyot bo’ladi. Mayli, shirin damlarni ham ko’rsatsin. Faqat bir tomonlama bo’lib ketmasin, hayotning baxtli onlari bo’lsa, ularniyam yozsin. Lekin haqiqatdan ko’z yumib yozilsa, bu asarning qiymati bir tiyin bo’ladi. Adabiyotda bu eng katta masala! Tolstoy aytgan bir gap bor: adabiyotning bosh vazifasi — haqiqat, haqiqat va yana bir marta haqiqat! Tolstoy adabiy asarga qo’ygan talablarga Tog’ay Murod ijodi juda to’g’ri keladi.
«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani, aytish kerakki, boshqa hech bir asarga o’xshamaydi. Har bir katta yozuvchi o’ziga xos uslub yaratadi. Tog’ay mana shu cho’qqini zabt eta olgan ijodkorlardan. Uning uslubiday uslub boshqa hech bir yozuvchida yo’q. Tog’ay Murodning adabiyotda alohida o’rni bor. Buni dunyoda hech nima bilan tenglashtirib bo’lmaydi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:35:39
PIRIMQUL QODIROV

QALBI  ASARLARIDA  QOLGAN  ADIB

Butun qalb boyligini va bor iste’dodini bir nuqtaga yig’ib, qog’ozga tirik tushira oladigan yozuvchigina kitobxonni hayajonga soladigan, uning ko’ngil mulkiga aylanadigan asarlar yaratadi.
Rahmatlik Tog’ay Murod ana shunday qalbi boy, iste’dodi yorqin adiblardan edi. Yozuvchining asarlaridagi o’ziga xos, takrorlanmas fazilatlar uning tug’ilib-o’sgan yurti, tuprog’i olingan joylarning tarovati bilan naqadar bog’liq ekanini men Surxondaryoning Xo’jasoat deb atalmish qishlog’idan olgan taassurotlarimga qiyoslab payqagan edim.
Bu qishloqqa biz Asqad Muxtor, Odil Yoqubov — uchovimiz 1963 yilning kuzida borgan edik. Termiz orqali Sariosiyoga, so’ng Hazorbog’, Sino orqali Xo’jasoatga o’tgan edik. Qorli tog’larga borib tutashgan adirlar bag’rida tog’ suvlari hosil qilgan iliq kamarlar ko’p ekan.
Bu kamarlar shiftidan buloq suvlari ipday tizilib oqib turadi. Qishda ham muzlamaydigan bu iliq suvlar himoyasida kamar shiftidan soch tolalariday pastga osilib o’sadigan sumbullarni biz o’sha yerda birinchi marta ko’rdik. Asqad aka «Chinor» romanida bu sumbullarni tog’dan zo’ravonlik bilan ko’chirilgan Shivilg’on qishlog’ining ko’chalarida tuproqqa qorishib yotgan holda tasvirlagan edi. Shu bilan mustabid tuzumning sumbulday noyob go’zallik o’sadigan qishloqni yoppasiga ko’chirishi shafqatsizlik bo’lganini ko’rsatgan edi.
Lekin tabiat mo’’jizalarini avaylab o’rgangan xalqimiz sumbulni qanchalik e’zozlashini men «Qora ko’zlar» romanida Avazning suyukli yori Hulkar tog’ kamaridan uzib olgan bir necha tola sumbulni uzun qora sochiga taqib, boshida olib yurganini tasvirlagan edim. Qisqa bir safar paytida Xo’jasoat adirlaridan olingan taassurot o’sha oltmishinchi yillarda yozilgan bir emas, ikkita romanga go’zal hayotiy detal berganligi tasodif emas ekan. Keyinchalik Tog’ay Murodning shu Xo’jasoat qishlog’i, Surxon vodiysi va u bilan tutash o’zbek diyoridan olgan taassurotlari uning «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» nomli qissalarida va «Otamdan qolgan dalalar» romanida nihoyatda yorqin hayotiy obrazlarga aylanganini ko’rib, uning iste’dodi va mahoratiga qoyil bo’lganman.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 05 Mart 2010, 15:36:23
Dunyoda jug’rofiy kashfiyotlar asri bo’ldi, fan-texnika kashfiyotlari asri bo’ldi. Shundan keyin etnos deb ataladigan millatlarning ajoyib xususiyatlarini kashf etish asri  boshlandi. Yigirmanchi asrning Gabriel Garsia Markes, Chingiz Ayt¬matov, Rasul Hamzatov kabi yozuvchilari o’zlari mansub bo’lgan millatlarning dunyoda takrori yo’q ajoyib yeri, hayotlarini badiiy kashfiyot darajasiga yetkazib tasvirlaganliklari uchun butun jahonda o’z asarlariga nisbatan ko’p qiziqish uyg’otdilar. Tog’ay Murod asarlari hali dunyo tillariga tarjima etilgan emas. Uni asosan o’zbek kitobxoni suyib o’qiydi. Masalan, o’zbek kurashi birinchi marta Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi bilan adabiyotimizga kirib kelgan edi. Afsuski,  qissa yaratilgan yetmishinchi yillarda unda qanday katta ijodiy kashfiyot borligini ko’plarimiz hali anglab yetmagan ekanmiz. Oradan o’nlab yil o’tgach, istiqlol davrida o’zbek kurashi jahon miqyosiga chiqqandan keyin Tog’ay Murod kelajakni oldindan ko’rganday katta ijodiy kashfiyot qilganini, uning qissasida yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo’lgan o’zbeklar uzoq tog’ qishlog’ida qanday ajoyib polvonlar qiyofasiga kirib, kurash tushishini o’qiganda siz ham shu polvonlar millatiga mansub bo’lganingizdan g’ururlanasiz.
Adib «Ot kishnagan oqshom» qissasida ham o’zbek millatiga xos chavandozlik mahoratini va Ziyodullaning mardona qiyofasini adabiyotimiz uchun yangilik bo’lgan bir badiiy kashfiyot darajasiga yetkazib tasvirlaydi. «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi Jamoliddin va Dehqonqul, «Oydinda yurgan odamlar» qissasida Qoplon va Oymomo to’g’risida ham shu fikr¬larni aytish mumkin. Mana shu fazilatlar uchun shaxsan men Tog’ay Murod asarlarini mumtoz kitoblarim orasida saqlayman, ularni har safar qayta o’qiganda, uning qahramonlaridagi erkakcha tantilikdan va muallif uslubidagi mardona ohanglardan zavq olaman.
Afsuski, bugungi ayrim erlar oriyat tuyg’ularini unutib, xotinlarini chet elga, nomunosib joylarga ishga yuboradilar, hatto «bor, pul topib kel», deb ko’chaga  haydaydilar, o’zlari esa uyda ayolcha yumushlarni qilib, bola boqib o’tiradilar. Ayniqsa, mana shunday erlar Tog’ay Murod asarlarini o’qisalar, balki erkaklik g’ururining qadriga yetarmidilar?
Tog’ay Murod hayotligida u bilan yurakdan suhbatlashgan paytlarimiz ko’p bo’lgan edi. Endi kitoblarni o’qisam, u o’z qalbini asarlariga joylab ketganini sezaman. Shuning uchun ularni o’qish jarayonida Tog’ay Murod bilan qalban suhbatlashganday bo’laman. O’ylaymanki, uning kitoblari umrboqiy asarlar qatorida kitobxonlar tomonidan ham doim sevib o’qiladi.

 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 11:54:37
SHUHRAT  ABBOSOV

XALQI KABI BARHAYOT

Mening Tog’ay Murod bilan tanishishim, o’zim uchun uni katta yozuvchi sifatida kashf etishim juda qiziq bo’lgan. Hammasi bir tasodifdan boshlangan edi.
Bir kuni «O’zbekfilm»da o’tirsam, hovliqib aktyor Murod Rajabov kelib qoldi:
— Shuhrat aka, kechirasiz, xayolingizni buzdim, — dedi. — Hozir bir ishni zudlik bilan qilmasak, keyin kech bo’ladi.
— Nima, nimani gapiryapsan? — dedim hech narsaga tushunolmay hayron bo’lib.
— Tog’ay Murod bir roman yozibdi, o’qib hayratda qoldim. Xalq hayotini shunday teran berganki... Rosti bilan hali biror yozuvchi badiiy adabiyotda zamonaviy hayotimizni bunchalik aks ettirolmagan, — dedi Murod.
Men Tog’ay Murodning bu romani dovrug’ini eshitgan edim-u,¬¬ biroq hali o’qishga ulgurmagandim. Murodning qistovi bilan Tog’ay Murodga qo’ng’iroq qildim. Hali o’zim o’qimagan romanni kino qilish uchun undan ruxsat so’radim. Orqavoratdan Tog’ay Murod bunday takliflarni ko’p rad etganligini eshitib yurardim. Qiziq bo’ldi, biz hayotda uchrashmagan bo’lsak ham tezda til topisha qoldik. Yozuvchi menga asarini kino qilishimga telefonda ruxsat berdi. Telefon go’shagini qo’ygach, Murodga yuzlanib dedim:
— Nima qilib qo’yding? Endi menga roman yoqmasa-chi?
— Sizning didingizni bilaman. Siz avval kitobni o’qib chiqing! — dedi Murod.
Oradan birmuncha vaqt o’tdi. O’sha paytlardagi raisimiz Temurmalik Yunusov bir kuni meni huzuriga chaqirdi.
— Biz ikkita milliy  asarlarimiz asosida film ishlashimiz kerak, — dedi. — Maqsadimiz «O’tkan kunlar» bilan «Otamdan qolgan dalalar» romanlarini ekranlashtirish. Melis Abzalov Abdulla Qodiriyning «O’tkan kunlar» romani asosida film ishlaydi. Siz Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» asarini ekranlashtirsangiz, degandik.
Bu gap  men uchun yangilik bo’lmadi. Men allaqachon bu taklifga rozi edim. Shu asnoda romanni o’qib ham, uqib ham chiqdim. Asarni obdan, ichiga kirib, bir narsaga amin bo’ldim: ramziy va tom ma’noda ham dalalar mening otamdan qolgan ekan. Bu asar ona xalqimning, ota yurtimning ko’ngil kechinmalaridan bino bo’lgan dardnomasi edi. Asar menga juda ma’qul tushdi. Roman, nazarimda, men uchun yozilganday edi. Unda tasvirlangan har bir obraz ko’z o’ngimda yaqqol gavdalandi. Men go’yo ular bilan butun umr birga yashagan edim. Asar qahramonlari bilan taqdirim ham bir edi go’yo. Demak, ular haqida kino qilsam, o’zim haqimda kino ishlagan bo’larkanman-da. Men Tog’ay Murod yaratgan obrazlar bilan hamnafas bo’ldim, hamdard bo’ldim. Qarangki, azbaroyi asarga kirishib ketganimdan, yozuvchining o’zi ham esimdan chiqib ketibdi.
Tog’ay Murod katta ijodkor, yozuvchi sifatida xalq boshiga tushgan zulm-xo’rlik, azoblarni o’z vujudidan o’tkazadi, bu kulfatlarga chiday olmaydi, bundan xo’rligi keladi. Shuning uchun ham muallifning joni halak bo’ladi, asarning har bir satridan dil og’rig’i ufurib turadi. «Dod!» — deydi yozuvchi. Biz ekranda mana shu ruhni ko’rsatib berishimiz kerak edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 11:54:57
San’at turi borki, uning o’ziga xos talablari bo’ladi. Xuddi shunday, kinoning ham o’ziga xos tili, uslubi bor. Rejissyor adabiyot orqasidan ketib qolsa, yaratilgan asar na teatr bo’ladi, na kino. Stsenariy yozish davomida adabiy asardan ko’p narsalar chiqib ketadi, boshqalari kiritiladi. Ba’zan yozuvchining birgina iborasi, bitta jumlasidan katta epizod chiqishi mumkin. Rejissyor tasavvurida yaratilgan o’sha to’qima muallifning asariga zid kelmasligi kerak. Yozuvchining ruhiyatiga xoinlik qilib bo’lmaydi.
Romanga astoydil berilib, ishonib ishlasangiz, yozuvchi g’oya¬sini o’zingiznikiday his qilsangiz, ishingiz yengil ko’chadi, erkin bo’lasiz. Biz Tog’ay Murod asarini kino qilib, romanni boyitdikmi yoki ba’zi jihatlarini asardagiday berolmadikmi, bilmadim, lekin, imkon qadar, romanni buzmaslikka harakat qildik.
Shunday qilib, asarni ekranlashtirish ishiga kirishib ketdik. Rostini aytsam, kinoni suratga olish ishlari ancha qiyin kechdi. Plyonka yo’q, mashina, texnika yo’q... Ba’zi epizodlarda qurol kerak bo’lardi. Qurolni olib borish uchun harbiy mashina ham yo’q. Busiz qurolni s’yomkaga olib borishga militsiya xodimlari ruxsat berishmaydi. Xullas, film katta mashaqqat bilan ishlandi. Boshqa yozuvchilardan farqli o’laroq, Tog’ay¬ Murod kino ishlash jarayoniga mutlaqo aralashmadi. Hattoki, «Nima bo’lyapti?» — deb ham so’ramadi. Yozuvchi bu bilan bizga katta erkinlik berdi. Bu erkinlik mening zimmamga katta mas’uliyat yukladi.
Men Tog’ay Murod bilan «Otamdan qolgan dalalar» filmi taqdimotida uchrashdim. U kelib, salomlashdi-da:
— Shuhrat aka, — dedi. — Film e’lon qilinayotganida avval mening nomim, keyin sizniki aytilsin. Shunday bo’ladi-da! Axir mening romanim bo’lmaganida filmingiz chiqarmidi?
Men yozuvchiga e’tiroz bildirmadim, u haq edi.
«Otamdan qolgan dalalar» filmi to’rt soatni tashkil etadi. Shunday qilib, kino qo’yildi. Tomoshabin shunaqayam yaxshi qabul qildiki... qarsaklar, olqishlar zalni tutdi. Biz shu orada Tog’ay Murodni yo’qotib qo’ydik. Axir odatga ko’ra, premeradan keyin ziyofat berilishi kerak edi-da. Biz, film ijodkorlari birga o’tirishib, bir-birimizni tabriklamoqchi edik. Shu qidiramiz, Tog’ay Murod yo’q, birdan g’oyib bo’lib qolibdi.
Qiziq odam edi-da, Tog’ay Murod! Unga «Otamdan qolgan dalalar» asarining film varianti yoqdimi yo’qmi, bilolmadim.  Tog’ay bu dunyodan o’tib ketdi... Lekin bir narsaga xursandman: u meni so’kmadi, ha, so’kmadi. Chunki rahmatlik shunday halol, printsipial odam ediki... Birinchidan, Tog’ay Murod o’z asarini sahnaga, ekranga qo’yishlariga hamisha ham rozi bo’lavermasdi. Ikkinchidan, uning ijozatisiz asarini sahnaga olib chiqqan bepisand san’atkorlarning tanobini tortib qo’yardi. Muqimiy teatrida shunday voqea bo’lgan, deb eshitganman.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 11:55:28
Yozuvchi Tog’ay Murodning ijodiy auditoriyasi ko’nglimga juda ma’qul keldi. Nasib qilsa, uning so’nggi romani «Bu dunyo¬da o’lib bo’lmaydi»ni ham kino qilish niyatim bor.
«Otamdan qolgan dalalar» filmi premerasi yaxshi qabul qilindi va keyin ham muvaffaqiyatlar qozondi. Film Buxoroda o’tkazilgan milliy kino festivalida bosh sovrinni oldi. Keyin biz bu filmni Turkiyaga olib bordik. Istanbulga butun dunyodan mashhur kinorejissyor, aktyor, dramaturglar tashrif buyurgan edi. «Otamdan qolgan dalalar» filmini tomoshabin tik turib, o’n besh daqiqa olqishladi.
Esimda, Buxoroda o’tkazilgan kino kunlarida havo 20 daraja sovuq edi. Zalda tumonat odam. Men qalin kiyinib olgan bo’lsam-da,  muzlab qolganimdan sovuqda o’n daqiqa ham o’tirolmadim. Hattoki kichkina bolalargacha to’rt soatlik kinoni oxirigacha ko’rdi, hech kim zaldan chiqib ketmadi. Bunga sabab nima edi? Tomoshabinni qanday joziba to’rt soatlik kinoni ko’rishga majbur etdi? Axir «Otamdan qolgan dalalar» filmi Amerika kinolariga o’xshab detektiv bo’lmasa yoki Meksika seriallariga o’xshab bir ilmoq bilan tomoshabinni aldab o’tirmasa"¦ Yo’q! Tomoshabinni  film oxirigacha o’tirishga majbur etgan sabab — ekranda ayovsiz, haqqoniy hayot kechmoqda edi.
Yana bir manzara yodimda, bu voqea ham Buxoroda sodir bo’lgan edi. Avgust oyi. Jazirama. Yer go’yoki tandir bo’lib yonyapti. Zal to’la odam. Havoni sovitadigan konditsioner  ham yo’q edi. Shunday bo’lsa-da, bitta ham tomoshabin kinoni tashlab chiqib ketmadi. Hammaning ko’zida yosh. Yaqin yillarda bunaqa yirik kartina ishlamagandim. Nega «Otamdan qolgan dalalar» filmi bunchalik mashhur bo’lib ketdi? Nega xalq uni bu qadar yaxshi qabul qildi? Buning sababi nimada? Menimcha, bu savolga Tog’ay Murodning «Har bir san’at janri zamirida adabiyot yotishi kerak», degan so’zlari javob bo’la oladi. Ha, bu film asosini katta adabiyot, tom ma’nodagi epik asar, san’atkorona bitilgan baquvvat roman ko’tarib turardi.
Men o’z ijodiy faoliyatim davomida ko’p yozuvchilar bilan hamkorlik qilganman, asarlarini ekranlashtirganman. Amerika yozuvchilaridan tortib, o’zbek adabiyotigacha... Said Ahmad, Komil Yashin, Rahmat Fayziy... Mashhur yozuvchimiz Abdulla Qahhor «Mahallada duv-duv gap» filmiga dialoglar yozib bergan. Juda sergap, xushmuomala yozuvchilarni ham ko’rganmiz, birpasda hamma bilan kirishib ketadigan ijodkorlarni ham uchratganmiz. Bu jihatdan Tog’ay Murod tamoman boshqacha odam edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:08:06
Uni hech kimga o’xshatib bo’lmasdi. U hech kimdan  hayiqmay, achchiq bo’lsayam to’g’ri gapni ayta olardi. Ko’ngil olamiga hech kimni kiritmasdi. O’ylaymanki, buning o’z sabablari bor edi. Shunday bo’ladiki, ba’zilar ko’p gapirib, yuragini hadeb bo’shataveradi-da, keyin o’zida hech narsa qolmaydi. Tog’ay Murod esa butun hayot haqidagi bilimi, uchrashuvu to’qnashuvlarini yuragidan o’tkazib, ular bilan asarlarini sug’oradi. Bor dardlari, hasratlarini bir bora ana shu ko’ngil filtridan o’tkazib, qog’ozga tushiradi. Axir uning asarlarida hassos ijodkor qalbi aks etishi bejiz emas-da. Men Tog’ay Murodning ketma-ket dadil asarlar yaratganligi sirini ana shunda deb bilaman.
Tog’ay Murod dunyoni his qilishi, uni idrok etishi  bilan ham hech kimga o’xshamaydi. U bo’lakcha! Adib o’ziga xos fikrlashi, asarlarining tili, favqulodda yorqin obrazlari bilan ajralib turadi. U voqealarga kinoyali nazar tashlaydi. Ham yumori bor, ham jiddiyligi. Ba’zi epizodlarni o’qib, na yig’lashingni bilasan, na kulishingni. Masalan, romanda tasvirlangan  o’zbek ayoli hayotini olsak. Yozuvchi hayotning ich-ichiga naqadar kirib ketgan, naqadar haqiqatni ko’rsata olgan: ezilgan, lekin baxtiyorlik qo’shig’ini kuylagan o’zbek ayollari... Deh¬qonqulning ayoli o’ziga o’t qo’yib yuboradi — bu dahshat! Jannatmakon O’zbekistonda yashab turib, boshiqorong’i — yerik bo’lganda ikkita olma topib yeya olmaydi! Ajdodlarimiz merosi Buxoroyu Samarqandni butun dunyodan kelib tomosha qilyapti, ziyorat qilyapti. O’zbek ayolining tasavvurini qarang: «Madrasalar baland-baland emish... Qarayin degichlarni ro’moli boshidan tushib ketar emish». Bunday hayotiy voqealarni, achchiq haqiqatni ayni damda yana qaysi yozuvchimiz tasvirlayapti, ko’rsat¬yapti?
Tog’ay Murodning quvvai hofizasi keng. U yozadigan mavzularini chuqur o’rganadi, o’zbekni chin ma’noda taniydi. Tilimizning nozik qirralarini, zaxira lug’at boyligini yaxshi biladi. U ishlatgan so’zlarni daf’atan uchratib qolsangiz, tushunmaysiz. Hatto ana shu so’zlar o’zbekchami o’zi, deyishimiz ham mumkin. Bu — bizning fojiamiz. Men, Tog’ay Murod asl o’zbekcha so’zlarni  yana muomalaga kiritib, tilimizni boyitgan, deb bilaman. U asarlarida qo’llagan «yangi» so’zlarda faqatgina yangi ma’no emas, balki yangi, samimiy ohanglar ham bor.
 «Otamdan qolgan dalalar» romanini ekranlashtirish mobaynida asar ichiga chuqurroq kirib bordim. Keyin Tog’ay Murodning boshqa asarlarini ham qaytadan o’qib chiqdim. San’at  institutida Tog’ay Murod qissalaridan ba’zi parchalarni sahnalashtirdik. Bu asarlar talabaning iste’dodi ochilishi, namoyon bo’lishiga turtki bo’ladi. Talabaning nimalarga qodir ekanligini ko’rsatib qo’yishiga imkon tug’diradi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:08:23
Chunki Tog’ay Murod qissalari barmoqdan so’rib olingan syujet va obrazlar asosiga qurilmagan, uning asarlarida pafos kuchli. Tog’ay Murod ijodi o’tkir emotsional ta’siri, o’t chiqaradigan to’qnashuvlarga boyligi bilan boshqalardan ajralib turadi. O’quvchini, tomoshabinni hayajonga soladi, to’lqinlantiradi, hayot to’g’risida mushohada yuritishga chorlaydi. Ular juda kinobop asarlar. Aminmanki, hali san’atning turli soha  ijodkorlari Tog’ay Murod asarlariga ko’p bor murojaat qiladilar. Bunday deyishimga sababni yuqorida aytib o’tdim. Asar baquvvat bo’lmas ekan, tuzukroq kino ishlash mushkul.
Sobiq Ittifoq davri, istaymizmi yo’qmi, biz uchun tarix. Xalqimiz  boshidan   o’tgan  yillar:  orzular, armonlar, intilishlar... Bu davr Tog’ay Murod asarlarida o’zining badiiy in’ikosini  topdi. Modomiki, xalq o’lmas ekan, xalq abadiy yashar ekan, xalqni qirib, yo’qotib bo’lmas ekan, uning ozodlikka intilishini ham hech kim, hech qachon yo’q qila olmaydi. Xalq¬ning xo’rlikka qarshi isyon, hurlikka, saodatga intilish hissini so’ndirolmaydi. Hech qanday kishanlar, hech qanday o’q, qamoqlar  bu intilishni bo’g’a olmaydi. Xalq baribir o’z maqsadiga erishadi. Yozuvchi xalqning ana shu kuchiga, qudratiga ishonadi.
«Otamdan qolgan dalalar» romani qahramonlari Jamoliddin ketmon, Aqrab qo’rboshi — kurashchan odamlar, ular bir umr qadlarini adl tutib o’tdi, bosh egmadi. Ular — bizning tariximiz, ular — bizning ajdodlarimiz. Xalqimizning necha avlodi qiyinchilik bilan zulm ostida yashab kelmoqda edi. Bari¬bir shuncha sitamlarga qaramay, yozuvchi Tog’ay Murod ko’tarinki ruhda, baralla — xalq o’lmaydi, demoqchi!
Tog’ay Murod bilan o’zbek adabiyotida bir davr o’tdi, katta bir tarixiy voqea o’tdi. Tog’ay Murod xalqparvar, kurashchan, tinchimaydigan buyuk yozuvchimiz edi. Afsus, endi u oramizda yo’q.
Men yana yuqoridagi fikrga qaytmoqchiman: xalq o’lmaydi. Modomiki, o’zbek xalqi, millatimiz o’lmas ekan, Tog’ay Murod asarlari ham o’lmaydi. Demakki, Tog’ay Murod ham mangu yashaydi.
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:17:37
TO’RA MIRZAEV

OTLAR  HAM  YIG’LAYDIMI?

O’zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan, uning rivojida beistisno katta iz qoldirgan iste’dodli yozuvchi Tog’ay Murod mening xotiramda hamisha o’qib-o’rganishga chan¬qoq yosh ijodkor, hayotning ko’plar e’tibor bermaydigan ichki tomonlarini bilishga, kuzatishga doimiy ravishda harakat qilayotgan navqiron adib, shu orqali adabiyotda o’z so’zini aytishga jiddiy kirishgan, o’z yo’li, o’z uslubini tinmay shakllantirayotgan izlanuvchan nosir sifatida qolgan. Chunki mening quyidagi yodnomalarim uning yoshlik davrlari bilan, yozuvchi sifatida shakllanayotgan va shakllangan, adabiyotda qat’iy o’z o’rni va uslubini belgilay olgan yillari bilan bog’liq.
Gap shundaki, u o’tgan  asrning 70-yillarida O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining folklor bo’limiga tez-tez kelib turar, hatto aytish mumkinki, bo’limning o’z xodimiga aylanib qolgan edi. O’sha yillari institut hozirgi Yahyo G’ulomov ko’chasidagi 70-binoning birinchi qavatida joylashgan bo’lib, folklor bo’limida tajribali folklorshunoslar bilan birga Asqar Musoqulov, Ibrohim Haqqulov, Rahim Otaev, Soriya Azizova kabi yosh adibning teng¬doshlari ham ishlar edi. Bu holat ehtimol uning folklor bilan ko’proq bog’lanib qolishiga sabab bo’lgandir. Yanglishmasam, Tog’ay Murod birinchi marta bo’limga atoqli xalq san’atkori Po’lkan shoir haqida qo’shimcha materiallar istab keldi. Bu paytda uning bir necha hikoyalari matbuotda bosilib chiqqan, ancha tanilib qolgan boshlovchi yozuvchi edi. Tanishganimizdan keyin muddaosini bayon etdi. Suhbatimiz davomida unga Po’lkan shoirning o’g’li Umarqul  hali hayotligini, u ham otasi izidan borib, zamonaviy mavzularda ancha termalar, hatto bir doston ijod qilganligini, shu kunlarda o’z termalaridan bir to’plam tayyorlayotganini, nevarasi Amirqul ham yaxshigina shoir bo’lib yetishib, bobosi haqida tadqiqotlar olib borayotganini aytdim. U yillarda hali Po’lkan shoir ijodi va dostonlari nihoyatda kam o’rganilgan, folklorshunoslikda ustozlarimiz, marhum folklorshunoslar Hodi Zarifning 1928 yilda e’lon qilingan bir maqolasi, Mansur Afzalning 1955 yilda bosilib chiqqan «Po’lkan shoir» risolasi mavjud edi, xolos.
Tog’ay Murod Folklor arxivida mavjud materiallarni astoydil o’rgandi. Amirqul bilan uchrashib, bobosi va otasi haqida qo’shimcha ma’lumotlar ham oldi. Oqibatda Po’lkan shoir va uning avlodlari haqida ajoyib bir radioocherk yaratdi va u Respublika radiosi orqali eshittirildi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:17:52
Keyingi suhbatlarimiz xalq qo’shiqlari, ayniqsa, marosim folklori va mehnat qo’shiqlari haqida bo’ldi. Bu haqda atoqli olima Muzayyana Alaviya bilan ham bir necha bor suhbatlashgani yodimda. Ma’lumki, institutning Folklor arxivida xalq ijodkorlaridan yozib olingan asarlar 1926 yildan beri jamlanib kelinadi. Materiallar to’plovchilarning yozib olganliklariga qarab, kollektsiyalar holida (doston va ertaklar bundan mustasno) alohida-alohida saqlanadi. Shuning uchun ham qo’shiq, topishmoq, maqol kabi janrlarga oid namunalar yozib olingan vaqti va yozib oluvchilarning daftarlariga joylashtirganiga qarab, bir necha kollektsiyalar va saqlov birliklarida sochilib ketgan. Bu hol undan foydalanuvchidan qo’shimcha mehnat qilishni, izlayotgan ayni folklor namunasini topish uchun bir emas, bir necha kollektsiyalarni ko’rib chiqishni talab qiladi. Chunki bir qo’shiq varianti faqat qo’shiqlardan tashkil topgan saqlov birliklarida saqlanishi bilan birga ular topishmoq, maqol, latifa,  hatto dostonlar bilan aralash yozib olingan daftarlarda ham mavjuddir. Bu yillarda folklorshunoslikda atoqli folklorshunoslar Elbek tayyorlagan «Ashulalar» (1933, 1934, 1935), Muzayyana Alaviya nashrga hozirlagan «Yangi qo’shiqlar» (1955), «O’zbek xalq qo’shiqlari» (1959), «Oq olma, qizil olma» (1972), Hoshimjon Razzoqov tuzgan «Gul¬yor» (1967) kabi qo’shiq to’plamlari chop etilgan bo’lib, ulardan Tog’ay Murod izlayotgan mehnat qo’shiqlari va marosim folklori namunalari juda kam o’rin olgan edi. Shu sababli ham arxivda saqlanayotgan namunalarni jiddiy ravishda ko’rib chiqish zarur edi. Tog’ay Murod bu ishga bir folklorshunos yanglig’ kirishib ketdi.
Bu orada qashqadaryolik folklorshunos K.Ochilov Surxondaryo va Qashqadaryodan to’plangan folklor namunalari asosida yozilgan mehnat qo’shiqlari haqidagi nomzodlik dissertatsiya¬si hamda mehnat qo’shiqlaridan maxsus tuzilgan to’plam qo’lyozmasini muhokama uchun folklor bo’limiga olib keldi. Bu materiallar  bilan tanishib chiqqach, Tog’ay Murodga K.Ochilov  to’plami qo’lyozmasining bir nusxasini berdim. Chunki ushbu to’plamdan Tog’ay Murod izlayotgan barcha materiallar joy olgan edi. Odatda hali nashr etilmagan to’plam qo’lyozmasi ikkinchi bir kishiga kamdan-kam holatlarda beriladi. Men esa, Tog’ay Murodning halolligiga, qandaydir yangi ijodiy izlanishlarga turtki bera oladigan hayotiy materiallar izlayotganligiga qat’iy ishonganimdan keyin shunday qildim. Shu-shu, Tog’ay Murod biror yillar ko’rinmay qoldi va adabiyotda uning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi paydo bo’ldi. K.Ochilovning to’plami esa, ancha keyin, 1984 yilda professor O.Safarov tuzgan bolalar folklori namunalari bilan birgalikda «Boychechak» nomida nashr etildi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:18:08
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasi adabiyotshunoslikda ijobiy baholandi. Bu holat yosh yozuvchini yangi-yangi ijodiy marralarga yo’llagani shubhasiz. Yangi asarlariga materiallar to’plash maqsadida u bo’limga  yana kelib qoldi. Bu gal uni folklorda otning tasvirlanishi masalalari qiziqtirayotgan edi. Yozuvchi atoqli folklorshunos Hodi Zarifning (1905-1972) «O’zbek xalq dostonlarida jangovar ot obrazi», «Ot asboblari» tadqiqotlari bilan tanishib chiqdi. Unga jangovar ot tarbiyasi, uning turli holatlari tasvirlangan «Alpomish», «Go’ro’g’lining tug’ilishi va bolaligi», «Xushkeldi» kabi dostonlarni sinchiklab o’qishni maslahat berdik. Suhbatlarimiz davomida kutilmaganda: «Otlar ham yig’laydimi?» — deb so’rab qoldi. Biz unga xalq orasida ot bilan bog’liq turli-tuman tasavvur va afsonalar ko’pligini, hatto ot egasi vafot etganda, otni egar-abzallab, egasining etigini egar qoshiga ilib, ayollarning otni o’rtaga olib yig’i berish odatlari mavjudligini, folklor asarlaridagi shunday holatlarda otning yig’laganligi tasvirlarini so’zlab berdik. Shundan keyin yozuvchining «Ot kishnagan oqshom» qissasi paydo bo’ldi.
Yuqoridagi xotiralarni keltirish bilan biz yozuvchi faqat folklor asarlari asosida qissa va romanlar yaratgan ekan-da, degan fikrni ilgari surmoqchi emasmiz, balki yozuvchining har bir asarni yaratishga jiddiy tayyorgarlik ko’rganligini, o’zining tasvir ob’ektiga har tomonlama yondashganligini, folklor uning uslubiy izlanishlarida ko’pdan-ko’p badiiy omillardan biri bo’lib qolganligini alohida ta’kidlamoqchimiz. Chindan ham u o’zbek adabiyotida xalq dostonlari nasriga yaqin o’ziga xos tasvir yo’sinini yaratdi. Bir-ikki misollar keltiraylik:
«Birodarlar, Momosuluv tushimda cho’lpon edi, hushimda oy edi, qo’ynimda oftob bo’ldi».
Yoki:
«Birodarlar, necha-necha qorabayirlar ketiga qarab-qarab ketdi.
Necha-necha jayronlar kishnab-kishnab ketdi.
Necha-necha samanlar go’sht bo’lib ketdi.
Qishloqda otlar kishnamay qoldi.
Saharlarda ko’chalarda ot tuyoqlari tikillamay qoldi.
Oqshomlari otlar tarsillatib yer tepinmay qoldi.
Adirlarda otlar dupur-dupur chopmay qoldi...
Chavandozlar emchakdoshi urushdan qaytmagan bo’zbola misol mung’ayib qoldi».
Bu tasvirlar qanchalik xalq dostonlari nasriga yaqin bo’lsa, shunchalik original, o’ziga xosdir. Adabiyotda Tog’ay Murod yaratgan tasviriy-uslubiy yo’ldir...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:18:49
JUMANIYOZ JABBOROV

                                                                         
O’XSHASA, O’ZIGA O’XSHAYDI

Biz ko’pincha o’tmishda o’tgan buyuk ijodkorlarimizni tabia¬tan tayyor, shakllangan  holda in’om etilgan mislsiz zotlar deb bilamiz va boshqacha bo’lishini tasavvur ham qila olmaymiz. Go’yo ular shunday yaralganlar-u, shu holicha yashab o’tganlar. Holbuki, xalq ardoqlagan haqiqiy ijodkor bo’lish uchun qanchalar mehnat qilinadi, qancha zahmat-mashaqqatlar chekiladi. Men shular xususida o’ylar ekanman, katta bir xalq adibining ijodiy o’sishiga guvoh bo’lganligimdan o’zimni baxtiyor his etaman. Surxon qishloqlaridan kelgan bir  o’zbek farzandi yetuk yozuvchi Tog’ay Murod bo’lib shakllanishi, pog’onama-pog’ona yuksalishini o’z ko’zim bilan ko’rdim.
U yangi uylangan kezlari Mirzapo’lat Toshpo’latovlar bilan Egarchi mahallasida qo’shni turishdi. O’sha vaqtlari ham u bilan ko’p gaplashganmiz: adabiyotga, adiblar ijodiga baho berishda gaplari katta-katta, ya’ni dadil, o’ziga xos edi.Tog’ay juda tabiiy, obrazli gapirardi. Fikrlari favqulodda edi. Bular mening u haqdagi ilk taassurotlarim.
G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlayotgan yillarimda Tog’ay Murodni yana bir bor kashf etganday bo’ldim. Bilsam, uning asarlari ham gaplari kabi «katta-katta» ekan. Dunyoda o’ziga xos degan tushunchani Tog’ay Murod qiyofasida chuqur his qilganman. Voqeani boshqacha hikoya qilib berish uslubi, hayotga yangicha nigoh bilan qarashi, har bir so’zga katta mazmun yuklashi, gaplaridagi ma’nolar qorishmasi — bularning bari Tog’ay Murodgagina xos edi. Shunga qaramay, Tog’ay Murod qissalarining nashr etilishi oson bo’lmadi. O’shanda qandaydir keraksiz nazorat kuchayib ketgandi. Shuhrat akaning bir romanini chop etishga ham ruxsat berishmagandi. Hatto o’sha paytlardagi O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sarvar Azimov aralashib bizga yordam bermoqchi bo’lsa-da, ijobiy o’zgarish bo’lmadi. Qaerdadir hamma narsani tushunadigan, hammadan ko’p biladigan odam bor edi-da. «Buni nega chiqazyapsan? Nima qizig’i bor? Qani bu yerda sovet kishisining xususiyatlari? Boshiga fojia tushgan odamlarni nega hadeb chiqaraverasizlar? «Zafarnoma»ga o’xshash asarlar nega kerak? Amiriyning devoni kimga kerak?» kabi ustma-ust savollarni javobsiz tinglashdan o’zga chora yo’q edi. Rahbarlik vazifam bilan shug’ullanish o’rniga kunim tepadagilarga  korrektura tashish bilan o’tardi. Uyoqda o’tirganlar bosmaga ketishga tayyor qo’lyozmalarga yo’l bermay, stollari ustiga qalashtirib qo’yaverardi"¦
Biz Tog’ay bilan  tez-tez ko’rishib turardik. Mening nima dardda iztirob chekib yurganimni u ham bilar edi. Vaqti kelib, Tog’ay Murod asarlarini chop etmaslikning hech iloji qolmaganidan keyin, ular boshqacha yo’l tutishdi: «Tog’ay Murod yaxshi, iste’dodli yozuvchi ekan. Uning shunaqa asarlari bor ekan-a» qabilida gaplarni aytib, 180 darajali o’zgarishlar kasb etdilar. Ko’ryapsizki, o’shanday qiyin vaziyatlarda ham Tog’ay Murod asarlari dunyo yuzini ko’ra oldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:19:06
Aytmoqchimanki, chinakamiga kuchli asarga hech narsa to’siq bo’lolmaydi: na mafkura qafaslari, na siyosat panjaralari"¦ Haqiqiy iste’dod har qanday zamonada ham o’zini namoyon eta oladi. Tog’ay Murod qissalari kazo-kazolar davrida ham chaqnab, to’siqlarni yorib chiqa oldi.
 Tog’ay Murod ijodni qanday sur’atda boshlagan bo’lsa, ke¬yin ham shu sur’atda davom ettirdi: bir-biridan go’zal qissalar, romanlar yozdi. U  hayotdan erta ketganiga qaramay, bir yozuvchi qilishi mumkin bo’lgan ishlarni bajara oldi. Uncha-muncha ijodkorga nasib etmaydigan muvaffaqiyatga erishdi: u o’z uslubini yaratdi. Adabiyotda yangi  yo’l kashf qildi. Tog’ay Murod ijodi, shaxsiyatini birgina «favqulodda» degan so’z bilan ifodalash mumkin. U boshdan-oyoq favqulodda edi. Favqulodda inson, favqulodda adib edi u. Men Tog’ay Murodni jahon adabiyotidagi falonchi-falonchilarga o’xshatishni xohlamayman. O’xshasa, u faqatgina o’ziga o’xshaydi. Shuning uchun yozuvchi  Tog’ay Murodni adabiyotimizning katta  avlodlari ham hurmat qilishardi.
Tog’ay Murod qissalarida stilistik bo’yoqlar go’zal. Insonning ichki kechinmalari teran. «Oydinda yurgan odamlar» qissasida farzandsizlik balosiga uchragan odamning fojiasi  orqali uning qalb dunyosi g’oyat ta’sirchan ko’rsatib berilgan. «Ot kishnagan oqshom»ning tili,  uslubi yanada go’zal. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasidagi ma’naviy kurashni qarang. Bu oriyat uchun kurash, insoniylik uchun mangu kurash"¦
 «Otamdan qolgan dalalar» romanida kenglik bor. Adib olis masofalarni, asrlarni bir g’oya atrofiga  biriktira olgan. Ota-bobolarimizni qayoqdan kelganlarini, hayot va odamlar qanday o’zgarib ketganini chuqur ildizlari bilan ko’rsatgan. Undagi o’ziga xos, shoirona  takroriy iboralar fikrni yorqin ifodalash uchun xizmat qiladi. Bu roman juda salobatli, nodir asar. U haqli ravishda Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. Men mukofot topshirish tantanalarida ham qatnashganman.
«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»  romani esa oldingilaridan tamoman farq qiladi. Asar fosh qiluvchi xarakterda yozilgan. Romanda sho’roviy g’oyalarga berilib ketgan odamning fojiasi ko’rsatilgan. Unga rahmingiz  keladi. Hayoti o’tkinchi g’oyalar bilan sug’orilgan va umri shu g’oyalarga xizmat qilish bilan o’tgan insonning oxiri hech narsasiz qolishi fojiasi g’oyatda ishonarli tasvirlangan va faqat Tog’ay Murodga xos, san’atkorona tarzda ko’rsatilgan.
  Hukumatimiz tomonidan Tog’ay Murodga «O’zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berilgani ham bu haqiqatni, uning katta, noyob iste’dod egasi ekanligini tasdiqlab turibdi. Hali Tog’ay Murod chet ellarda ham o’z tarjimonlarini, o’quvchilarini topadi. Uning asarlarini xorij tillariga o’giradigan ijodkor tarjimonlar paydo bo’ladi. Tarjimon faqatgina o’zbek tilini emas, o’zbek xalqini ham butun mukammalligi bilan bilishi kerak bo’ladi. Tasvirlanayotgan odamlarning fojialarini his qila olishi lozim bo’ladi. Farzandsizlik, odamlar bir-birini tushunmasligidan kelib chiqadigan fojialar"¦ Muvaffaqiyatli tarjima Tog’ay Murod asarlariga yangicha hayot, parvoz baxsh etishi mumkin. Faqat tarjimon asar ruhini bera olishi kerak.
Tog’ay Murod shaxsiy hayotining ba’zi pallalari bilan yaqindan tanishman. Faqatgina yozuvchi Tog’ay Murod emas, inson Tog’ay Murod ham menga yaxshi ma’lum. Tog’ay bilan Ma’sumaning nikoh  to’ylarida bosh-qosh bo’lganman. Ma’sumaxon Ahmedova bizning nashriyotda ishlardi. To’ylari «Shirin» kafesida bo’lgan. Tog’ay Muroddek katta adibning shunday baxtli daqiqalarida birga bo’lganimdan ko’nglim quvonch hissiga to’ladi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:19:17
Ayrim Tog’ay Murodni  bilmaganlar  uni juda qo’rs, o’jar,  gapga sira ko’nmaydigan odam deb o’ylashadi. Lekin til topishsangiz, u juda ochilib,  dildan gaplashardi. Oqni oq, qorani qora, der edi. O’rtada turib uyoq-buyoqqa tovlanishlarni bilmasdi. O’zi juda samimiy bo’lib, oliftagarchilikka tobi yo’q edi.
Shundanmi, uni tushunadigan odamlar kam topilardi. Tog’ayning to’g’riso’zligini ko’pchilik ko’tara olmas edi. Keyingi yillarda  yozuvchi  yolg’izlikni xohlab qoldi. Oylab Parkent tomonlarga ketib, ijod qildi. Tog’ayni biror yig’inlarda yoki Yozuvchilar uyushmasi majlislarida uchratish mushkul edi. Ba’zi ijodkorlardan «Bizni majlislarga chaqirmayapti» qabilidagi nolishlarni ko’p eshitamiz. Tog’ay esa bunday yig’ilishlarga chaqirishmasa xursand edi. Matbuotda ko’rinishga, radio-televidenieda chiqishga, umuman, o’zini ko’z-ko’z qilishga uning hushi yo’q edi. U tog’lar bilan gaplashdi, bog’lar bilan gaplashdi, tafakkur bilan gaplashdi. Haqiqiy yozuvchi bo’lishning siri — kechayu kunduz o’tirib ishlash, izlanish, o’qish, yozish"¦ Tog’ay Murodda shunday printsip bor edi. Xarakteridagi keskinlik, yuzaki voqealarga va yolg’ondakam yaltiroqlikka berilmaslik, yolg’izlikka intilish shundan kelib chiqqan bo’lsa kerak.
U hali xalqimizga ko’plab tafakkur chechaklarini tuhfa qilishi mumkin edi. Bunga kuchi, ilmi, ko’nglidagi tuyg’ulari yetardi. Ming afsuski, qancha asarlar yozilmay qoldi. Tog’ay Murod ezgulikka intiladigan, g’uborlardan xoli, tovlamachiliklardan nafratlanadigan  chin inson, so’zni his qiladigan, adabiyotni sevadigan, o’zi ham unga sodiq  san’atkor-ijodkor edi. U yozuvchi sifatida oldiga katta maqsadlar qo’ydi. Maqsad katta bo’lsa, odam shu maqsadlar bilan yashaydi. Shu ma’noda aytish mumkinki, Tog’ay Murod o’zbek xalqi uchun, adabiyotning rivoji uchun yashab o’tdi. U bilan millatimiz ham, adabiyotimiz ham faxrlansa arziydi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:39:16
UMARALI NORMATOV

JAHON  ADABIYOTIGA  OSHUFTA  KO’NGIL 
 yoxud sokin  qalb  iztiroblari


O’tgan asr 60-yillarining oxirlari. Zilziladan so’ng Tala¬balar shaharchasi biqinida universitet domlalari uchun qurilgan binodan oilamizga ajratilgan xonaga yaqindagina ko’chib borganmiz. Shu orada qadrdonim Mahmud Sa’diy to’ladan kelgan o’rtabo’y bir yigitni boshlab keldi. «Tanisangiz kerak, talabangiz Tog’aymurod Mengnorov, jurnalistika bo’limida o’qiydi, hikoyalar yozadi», deya tanishtirdi hamrohini. Darhol tanidim, u o’qiydigan guruhga «Estetika va adabiyotshunoslik asoslari»dan dars berganman. Esladim: bu yigit darslarda doimo xayol surib, nimanidir shivirlaganday o’zi bilan o’zi ovora — jimgina o’tirar, darsda biror marta ham savol berganini, bahs-munozaralarga aralashganini bilmayman. Nihoyat, sinov vaqti keldi, biletda qo’yilgan savollar bo’yicha shunaqa bulbuligo’yo bo’lib gapira ketdiki, lol bo’lib qoldim, hatto men ko’rmagan, tavsiya etmagan asarlarni ham o’qigani ma’lum bo’ldi. «Uka, shuncha narsa bilar ekansiz, nega seminar darslarida biror kalima ham so’z aytmadingiz?» — desam, «Xarakterim shunaqa»,,  deb qo’ya qolgan edi.
Mehmonlarni ichkariga taklif qildim. Stol tevaragida choyxo’rlik, qizg’in gurung boshlandi. Mahmudjonning taklifi bilan Tog’ay Murod «Zarang tayoq» deb atalgan yangi hikoyasini o’qidi. Hikoyada keksayib qolgan cho’pon va uning o’g’li haqida gap borar, ota qo’lidagi zarang tayoqni kimga topshirishni bilmay xunob, zamona yoshlari, jumladan, o’g’li «podachi» bo’lishdan or qiladi, bu hol qariyani iztirobga soladi. Talaba yoshidagi havaskor yozuvchidan bunday «tayyor» asar kamdan-kam hollarda chiqadi. Hikoyadagi o’ta hayotiy, tabiiy, ta’sirchan lavhalar Mahmudjonni ham, meni ham o’ylatib qo’ydi, har ikkimiz ham u haqda iliq gaplar aytdik. Tog’ay Murod esa maqtov so’zlarimizga parvo ham qilmay, shunday bo’lishini bilganday indamay o’tirardi. Oradan ko’p o’tmay hikoya qaysidir jurnalda chiqdi. Asar matni keyinchalik yozuvchining «Momo-Yer qo’shig’i» qissasiga bir oz o’zgartirishlar bilan kiritildi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:40:11
Odatdagidek, gurung oxirida dasturxonga osh tortildi. Devzira guruchdan manqalda tayyorlangan qip-qizil farg’onacha palovdan tatib ko’rgach, «Palov pishirishni asli farg’onaliklarga chiqargan», deb qoldi. Men ham o’z navbatida «Tandir kabobni esa surxondaryoliklarga chiqargan», deb javob qildim. Kulishdik. «Surxondaryodan bo’lsam ham choyxona palovni xush ko’raman, asli ajdodlarimiz farg’onalik-da», deya ilova qildi. Bu gap chinmi yoki shunchaki ko’ngil uchun hazil tariqasida aytildimi — bilolmay qoldim. Oradan chorak asr o’tib, yozilgan «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi eng nurli siymo «farg’onachi Jamoliddin»ni muallif diliga yaqin olib, chin samimiy ehtirom bilan tasvir etadi. Bu personaj Tog’ayning ajdodlaridan bo’lsa, ajab emas.
Shu-shu, Tog’ay Murodning matbuotda chiqqan har bir asarini kuzatib, o’qib boradigan bo’ldim. U adabiyotga shoshilmay sekingina kirib keldi, ilk mashqlaridan to el og’ziga tushgan «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi chiqqunga qadar o’n yilcha vaqt o’tdi. Har gal unga duch kelganimda «Nega matbuotda kam ko’rinasiz?» — deb so’rasam, hamisha «O’qiyapman, o’rganyapman, jiddiyroq narsa yozishga tayyorlanyapman», degan javobni olardim. Bunday jiddiy tayyorgarlik izsiz ketmadi. Birin-ketin «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» e’lon qilindi, bu asarlarning har biri adabiy hayotimizda jiddiy voqea bo’ldi. Hamkasb munaqqidlar qatori men ham bu qissalar haqida ko’nglimdagi gaplarni aytganman, yozganman.
Tog’ay nihoyatda bosiq, vazmin ko’rinsa-da, ta’bi o’ta nozik, kuyunchak odam edi. Sal narsaga birdan lovillab ketardi. Yozuvchilar uyushmasidagi majlislardan birida «Momo-Yer qo’shig’i» xususida iliq gaplar bilan barobar qissa bir oz tarafkashlik bilan yozilgani, muallif o’zi suymagan qahramoniga jamiki salbiy illatlarni yopishtiraverganini aytuvdim, zalda o’tirgan Tog’ay shartta o’rnidan turib bunday e’tirozga qo’shilmasligini bildirdi. Shundan keyin anchagacha ko’cha-ko’yda unga duch kelganimda hatto salomimga alik ham olmay yurdi.
90-yillar boshlari bo’lsa kerak, yangi bitgan hovlimizga kutilmaganda Tog’ayning tanho o’zi kirib keldi. O’sha kezlari shaharda tarqalgan grippdan aziyat chekib, endigina o’zimga kela boshlagan, dilimga yaqin suhbatdoshni qo’msab yotgan edim. Boz ustiga, oradagi ginaxonlikni unutib, Tog’ayning xonadonimizga kirib kelishi ko’nglimni tog’day ko’tarib yubordi. Odatdagiday non-choy, Tog’ay xush ko’radigan devzira guruchidan o’choqda tayyorlangan farg’onacha palov... Eng muhimi, tun yarmigacha davom etgan ham maroqli, ham dardu hasratlarga to’la hazin suhbat. Tog’ay meni o’ziga yaqin olib, dilidagi jamiki dardu dunyosini to’kib soldi. O’sha kuni men Tog’ayni yangidan kashf etganday bo’ldim. U haqdagi avvalgi tasavvurlarim go’yo ostin-ustin bo’lib ketdi. «Domla, Ma’sumaga uylanganimdan xabaringiz bor, — deya eng aziz, nozik dil rozini ocha boshladi. — U alomat ayol, yaxshi yozuvchi. Dunyoda onamdan keyin meni tushunadigan, qadrimga yetadigan zot shu! Turmushimiz joyida. Faqat birgina armonimiz — tirnoqqa zormiz. Shifokorlarga qaratdik. Ikkimiz ham soppa-sog’. Allohning o’zi bermasa, iloji yo’q ekan...»
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:40:24
Darhol «Oydinda yurgan odamlar» xayolimdan o’tdi. Qoplon timsolida Tog’ay o’z dardu dunyosini tasvirlagan ekan-da, degan o’yga bordim. Shu haqda so’z ochgan edim, Tog’ay: «E, domla, «Oydinda yurgan odamlar»ni to’yimizdan besh yil burun yozganman. Oldindan qilingan bashoratmi, intiutsiya karomatimi yoki peshonaga bitilganimi, qarang, o’zim yaratgan Qoplonning kuni o’zimning boshimga tushib o’tiribdi...» — dedi.
Tog’ayning qayta qurish, oshkoralik davri alg’ov-dalg’ovlari, ma’naviy hayotdagi evrilishlar, ziyoli ijodkorlar davralaridagi behuda dahanaki janglar xususidagi hasratlaridan chang chiqardi. Ikki-uch yozuvchi-shoirdan boshqa barcha-barchasi unga begona, u menga go’yo g’animlar qurshovida qolganday tuyuldi o’sha topda. «Qaysi davraga kirsam, ijod o’rniga g’iybat, men bunaqa davralardan o’zimni chetga olib yuradigan bo’lib qoldim», deya hasratlariga yakun yasaganday bo’ldi.
Bir oz sukutdan keyin yana qizishib so’zida davom etdi: «G’animlarimning da’vosicha, go’yo men etnograf, shunchaki baxshi qalamkash emishman. «Denovdan nariga chiqolmaysan, naryoqda nimalar bo’layotganini ko’rmaysan, jahon adabiyotidan bexabarsan, modernizm nima, absurd, ong oqimi nima — bilmaysan, Nitsshe, Freyd, Kafka, Joys, Kamyuga tishing o’tmaydi»,, deya tashlansalar bo’ladimi menga bu «bilag’on» nodonlar. Ishoning, Umarali aka, men Nitssheni, Freydni, Kafka, Joys, Kamyularni, modernizm adabiyotini ulardan kam emas, ortiqroq bilaman. Nitsshe «Zardusht»ini, Kafka «Jarayon»ini, Kamyu «Begona»si bilan «Vabo»sini bir emas, bir necha bor o’qib chiqqanman. Joysning «Uliss»ini ham «Inostrannaya literatura»da ruscha tarjimasi chiqmasdan burun qo’lyozmasini topib o’qiganman, hatto uni o’zbekchaga tarjima qilishni ko’nglimga tugib qo’yganman. Bu oliftalarning moderncha mashqlari taqliddan nariga o’tmaydi, yozganlari tarjimaga o’xshaydi. Men ularga haqiqiy «o’zbekona modern», «o’zbekona absurd», «o’zbekona ong oqimi» qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’yaman...»
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:40:41
Sirtdan o’ta bosiq, tabiatan sokin ko’ringan bu odamning qalbida shunchalar dard, iztiroblar borligidan ogoh bo’lib hayratda qoldim.
Zamonaviy jahon falsafasi, adabiyoti, ularning ulkan namoyandalari, men eshitgan, eshitmagan, o’qigan, o’qimagan asarlar haqida shu qadar to’lib-toshib gapirdiki, ko’plar nazarida «etnograf, baxshi qalamkash» bo’lib ko’ringan bu o’g’lonni teran fikrlaydigan zamonaviy yetuk bir faylasuf, zabardast zamonaviy mutafakkir adib qiyofasida ko’rib, ich-ichimdan quvondim. Bu beorom qalb sohibi, mutafakkir ijodkor yaqin kelajakda milliy adabiyotimizda albatta jiddiy badiiy kashfiyotlar yaratajagiga ishonch hosil qildim. Adibning galdagi «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» asarlari mendagi mana shu ishonchni to’la oqladi, deb dadil ayta olaman.
Har ikki asarda yozuvchining o’z asri, zamonasi, zamondoshlari haqidagi o’y-mushohadalari, qalb iztiroblari to’la-to’kis ifodasini topgan. Tog’ay Murod tanqidchilikda ko’proq an’¬anaviy baxshiyona yo’nalishdagi yozuvchi sifatida talqin qilinadi. Buning uchun muayyan asos bor, albatta. Til, ifoda, ohang tarzi qadim dostonlarni yodga soladi. U folklor tajribalariga tayangan holda milliy nasrimizda yangicha betakror uslub ixtiro etdi. Biroq uning adabiyotimizdagi eng jiddiy badiiy kashfiyoti, menimcha, shaxs talqinidagi yangilikdadir. Bu borada o’zi sevib o’qigan, o’rgangan Kafka, Joys, Kamyu bisotlaridan o’tgan nimalardir bor: shaxs tabiati, baxti, baxtsizligi, qismati talqinida Tog’ay XX asr jahon modern adabiyotining eng muhim tamoyillariga hamohang yo’llardan bordi. Shaxsni ijtimoiy mavjudot sifatida anglashdan butunlay chekinmagan holda, uning qismatidagi sirli-sehrli, ilohiy, tushunish, tushuntirish mushkul bo’lgan sir-sinoatlar, tug’ma tabiiy omillarning rolini — o’rnini favqulodda bir mahorat bilan ochib beradi, inson ruhiyatining g’aroyib nag’malarini, qon-qoniga singib ketgan aqidalar uni ne-ne ko’ylarga solishini, mana shunday kimsalarning fikrlash yo’sinidagi — tafakkur oqimidagi jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatadi, chuqur badiiy tahlil etadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:40:58
Men ushbu xotiralarni qog’ozga tushirishga hozirlik ko’rayotgan kezlarim jahon adabiy hayotida g’aroyib bir voqea sodir bo’ldi.  Biz shu paytga qadar ulkan yozuvchi-adiblarning tug’ilgan, buyuk asarlarining dunyoga kelgan sanalarini yubiley sifatida nishonlashga odatlanganmiz. Bu galgisi o’zgacha bo’ldi: irlandiyaliklar 2004 yil 16 iyun kuni «Uliss» romanida tasvir etilgan voqealarning 100 yilligini ulkan bayram sifatida nishonladi. Televideniening «Bi-Bi-Si» kanali ayni romanda aks etganidek, o’sha kuni ertalab soat 8 dan tungi 3 ga qadar Dublin ko’chalaridan, asar voqealari yuz bergan manzillardan, qahramonlari yurgan so’qmoqlardan reportajlar berib bordi. Bu noyob asar, uning muallifi qismatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirildi. Roman o’z Vatanida ham o’tgan asrning 60-yillariga qadar qadrlanmagani, tahdidu ta’qiblarga duchor bo’lgani, romanni anglash nihoyatda qiyin kechgani va nihoyat yangi zamon oqillari «Uliss» keyingi yuz yillikda ing¬liz tilida yaratilgan eng yaxshi asar, degan xulosaga kelganligi ta’kidlandi. Joysning jahon adabiyoti tarixidagi eng muhim kashfiyoti shundan iboratki, u «Uliss»ga qadar mavjud adabiy qoliplarni buzib, insonning asl fikrlash tarzi suratini chizib berdi. Akademik D. Lixachev so’zlari bilan aytganda, «Uliss» daho insonning fikrlash tarzi, tafakkur mevasidir. Inson zakovatini o’rganish sari qo’yilgan jiddiy qadam, inson va hayotning yangicha madhiyasidir.
Men teleekran qarshisida shu reportaj, maroqli suhbatlarni tomosha qilar ekanman, 80-yillar sharoitida, «Uliss» romani hatto rus tilida chop etilmagan kezlari, Tog’ay Moskvada ta’lim olib yurgan chog’lari bu asarni qo’lyozma holida topib  o’qib-o’rgangani, uni o’z ona tiliga tarjima etishga ahd qilgani, matbuotdagi bir intervyusida kitobxonlarga bu haqda va’da berganini esladim. Bilmadim, Tog’ay Murodga qadar yana qaysi o’zbek ziyolisi, adibi «Uliss»ni o’qigan, astoydil o’rgangan ekan... O’sha kuni Tog’ay xonadoniga — uning vafodor turmush o’rtog’i Ma’suma Ahmedovaga telefon qilib, «Uliss» tarjimasi taqdirini surishtirdim. Ma’sumaning aytishicha, Tog’ay haqiqatan ham «Uliss» romanining kattagina qismini, yuz sahifasini tarjima qilgan ekan. Afsus, qo’lyozmaning taqdiri noma’lum: yo tarjima tarjimonga yoqmay yo’q qilingan,  yoki qaergadir tashlab qo’yilgan.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:41:47
Joys, shuningdek, Kafka, Kamyu singari XX asrning buyuk siymolari ijodi, shoh asarlariga astoydil qiziqish adibning ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirgani ayon. Qarang, «Jarayon», «Uliss» voqealari tor  bir makon — Praga, Dublin shaharlari hududida yuz bergani singari «Otamdan qolgan dalalar»da, asosan bir jamoa xo’jaligi, «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanida esa kichik bir shaharcha doirasidagi hodisalar qalamga olinadi. Kafka, Joysdagi kabi Tog’ay Murod romanlarida ham asosan bosh qahramonning ruhiy sarguzashtlari, qalb iztiroblari tahlili asarlar asosini tashkil etadi. «Jarayon»dagi kabi totalitar rejimning begunoh odamlarni jinoyatchiga chiqarish mexanizmi zo’r mahorat bilan aks ettiriladi. Boz ustiga, Tog’ay o’z asarlarida Kamyu tasvirlagan Sizifning tosh dumalatishdan iborat azobli, behuda-besamar faoliyatini eslatadigan qahramonning ma’nisiz o’tgan hayot yo’lini teran tahlil etish yo’lidan boradi. «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani esa boshdan-oyoq Joys tajribasini esga soladigan, personajning ichki monologi — asov tafakkur oqimi ifodasiga qurilgan. Biroq biror o’rinda ham na «Jarayon»ga, na «Uliss»ga oshkora taqlid yo’q. Muallifning o’z so’zlari bilan aytganda, sof «o’zbekona modern», «o’zbekona absurd», «o’zbekona ong oqimi»...
Qisqasi, Tog’ay Murodning keyingi yirik asarlarida XX asr jahon adabiyotining nodir namunalari bilan shu xil mushtarak jihatlar bisyor. Dadil aytish mumkin: Tog’ay Murod shunchaki «mahalliy» qalamkash emas, yangi jahon adabiyoti mezonlari bilan yondashganda ham to’laqonli romanlar yaratgan yetuk zamonaviy san’atkordir.
Tog’ay Murod o’z sha’nini, qadrini, darajasini bilgan, har qanday kamsitishlarga murosasiz, ammo maqtovlarga aslo uchmaydigan g’ururi baland so’z san’atkori edi. Hech qachon uning o’zgalardan o’zi haqida maqtov, shirin so’z kutib yaltoqlanganini ko’rgan emasman. Aksincha, maqtovlardan qochib yurardi. «Otamdan qolgan dalalar» romanining Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamasiga maqtov so’zlar aytilishini bilib atay kelmagan edi. Roman haqida «Xalq so’zi»da maqola   chiqqanda, mening qalamimga mansub uning ijodiy portretiga oid mo’’jazgina ishim «XX asr o’zbek adabiyoti tarixi» darsligiga kiritilganida, nihoyat «O’zbekiston adabiyoti va san’ati»dagi «Eng muhim muammo» sarlavhali suhbatimda «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani xususida ko’pchilikka ma’qul tushgan yangicha kuzatishlarimni aytganimda — biror marta ham o’zga adiblar singari menga telefon qoqib, minnatdorchilik bildirgani yo’q.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:43:01
So’nggi kitobi «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanini ham avtografsiz jiyani orqali menga berib yuborgan edi. Mening u haqda yozganlarim unga ma’lummikan, ma’lum bo’lsa, ma’qul tushganmikan degan o’y-xayolda yurardim. Tog’ay vafotidan keyin Ma’sumaxon mening har bir chiqishimdan u xabardor ekani, «Umarali aka meni oliy o’quv yurti darsligiga ravo ko’ribdi», deya benihoya minnatdor bo’lgani, hatto «Otamdan qolgan dalalar» haqidagi maqolam chiqqan «Xalq so’zi»ning bir do’kondagi hamma sonlarini sotib olib, avaylab saqlagani haqida gapirib berdi. Bilamanki, ko’nglidagi minnatdorchilik  tuyg’ularini menga oshkor etishga   g’ururi yo’l bermagan.
Shu kunlargacha Tog’ay Murod to’g’risida yozgan narsalarim saviya-darajasi o’zimga ayon, ular har jihatdan Tog’ay Murod badiiy kashfiyotlari darajasida emasligini sezib turaman. Lekin Tog’ay Muroddek g’aroyib siymo, noyob iste’dod egasi yozganlarimdan mamnun bo’lgani, bu dunyodan mening kamtarona ishlarim uchun minnatdor holda ketganligidan kechikibroq bo’lsa-da, xabardor bo’lish men uchun katta baxt!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:43:45
NOSIR FOZILOV

UKADEK  AZIZ,  DO’STDEK  QADRDON EDI 


Yaxshi odam haqida, ayniqsa o’zingga yaqin odam haqida xotira so’zlash qiyin. Masalan, Tog’ay Murod haqida u falon yili  Surxonda tug’ilgan, falon, pismadon asarlari bor, talay-talay unvonlaru nishonlarga sazovor bo’lgan, desak quruq gap bo’lib qoladi. Buni hurmatli olimlarimiz gapirgani ma’qul. Biz esa ko’proq Tog’ayning odamgarchiligi, fe’l-atvori haqida gapirganimiz ma’qul.
Men Tog’ay Murod bilan qaerda, qay yo’sin tanishganligimni hech eslay olmayman... Bu haqda harchand o’ylanmay, baribir, xotirlay olmadim. Nazarimda, men uni bolalik chog’idan, o’sha maktabda o’qigan yillaridan beri, qo’liga qalam olib, dastlabki asarlarini yoza boshlaganidayoq taniganga o’xshayman. Yo tavba, buning sababi nimada deb o’ylab qarasam, hayotimizdagi ba’zi jihatlarning mushtarakligida ekan. Men bu shahri azimga Turkiston degan shahardan kelganman. Ahmad Yassaviy tavallud topgan tabarruk tuproqda tug’ilganman. Bizning ham dashtu dalalarimiz keng va yassi, uning etaklarida biz uchun qadrdon — Qoratog’ tizmalari yastanib yotibdi... Tog’ay ham Surxondagi Xo’jasoat qishlog’idan, azim tog’lar yurtidan kelgan, mabodo undan tog’lar haqida, o’zi tug’ilib-o’sgan kengliklar haqida so’rab qolsangiz, xuddi shoir bo’lib sayrab ketishi kaminaning ko’ngliga juda yaqin edi. Uni  bolalikdan birga o’sgan qadrdonday ko’rishimning boisi shunda ekan.
Men Tog’ayni «polvon» deb chaqirardim. O’zingiz bilasiz, Surxondaryo polvonlar yurti. O’zi ham gavdasi buzuq, yelkasi keng, ko’zlarida mung bor bola edi. U odam bilan tez yaqinlashib, shatir-shutur gaplashib ketavermas edi. Indamay, vazminlik bilan gapingizni eshitib o’tirardi. Mening Tog’ayni yaxshi ko’rishim uning tog’u dashtni yaxshi bilishidan edi. Ayniqsa, u chorvani yaxshi bilardi. U ot haqida asar yozdi. Bu borada o’zbek adabiyotida uning oldiga tushadigani yo’q, desam mubolag’a bo’lmaydi. Bu fazilat ham menga tanish. Men ham asarlarimda daryolar, qamishzorlar, to’qayzorlar haqida ko’p  yozganman. Lekin Tog’ay ot haqida  yozganida shunaqa chiroyli tasvir qila oldiki, u tasvir qilgan otni beixtiyor «Boychibor» deb yuborging keladi!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:44:09
Bir mahallar shunaqa bo’ldiki, ustoz Said Ahmad «Jimjitlik» romanini boshlaganida (bu asarda ot haqida, uning fe’l-atvori haqida gap borar edi), ustoz mendan ot haqida maslahat oldi. Kunlardan birida uyushmada ko’rishib qolib: «Men ot haqida yaxshi biladigan zo’r maslahatchini topdim», deb maqtanib qoldi. «Kim ekan u zo’r?!» — deb so’rasam, Tog’ay Murodni aytdi. Buni qarangki, ustoz qanchalik katta yozuvchi bo’lmasin, baribir u kishi shaharlik-da, Tog’aydan maslahat olibdi. Buning hech aybi yo’q. Yozuvchi ko’rgan narsasini yozsa ta’sirliroq chiqadi. Bu ayni haqiqat. Ot haqida ustoz muayyan tasavvurga ega bo’lmasligi tabiiy, lekin u odamlar haqida va  ularning o’zaro muloqotlari haqida qalam tebratganida ustasi farang bo’lib ketadi. Ustozimiz Said Ahmadki undan o’rganibdimi, demak, Tog’ay ham ma’lum ma’noda  ustoziga ustozlik qilibdi.
Tog’ay Murod juda kamsuqum yigit edi. Tahririyatlarga ham bo’lar-bo’lmasga kelavermas edi. 80-yillarda men  G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlab yurgan kezlarimda Tog’ay Murod Ma’sumaga uylangan edi. Ma’suma o’sha paytlari nashriyotda biz bilan birga ishlardi. Men har kuni unga: «Polvon qalay? Salom deb qo’ying!» — deb  turardim. Ma’suma ham o’z navbatida uning salomlarini menga yetkazib turardi. Tog’ay Murod  jimgina uyda o’tirib, asarini yozish bilan mashg’ul edi.
U quvonganida bamisoli qush bo’lib uchguday yengil tortib ketardi. Esimda, 1985 yil Tog’ay ikkalamizga Yozuvchilar uyushmasining mukofotlari berildi. Yozuvchilar bog’i — Do’rmonda Uyg’un aka, Turob To’la, Abdulla Oripovlar bor edi. Tog’ay Murodga «Oybek», menga esa «G’afur G’ulom» mukofotini topshirishdi. Men uning qattiq quvonganini o’shanda ko’rganman... Mukofotlarni oldigu, uyoq-buyoqqa  qaramay shaharga shoshildik. Ikkalamiz mening mashinamda kelyapmiz. Ko’kraklarimizda hozirgina olgan mukofotlarimizning nishonlari yarqirab turibdi. Tog’ayning og’zi qulog’ida: «Aka, bo’lar ekan-ku!» — deb iljayadi menga qarab. Mening kayfiyatim ham shunga yaqinroq edi. Men uni yo’l-yo’lakay uyida qoldirib, Chilonzorga o’tib ketganim esimda.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:44:46
U xafa bo’lsa ham dardini birovga aytmasdi, xuddi birov bilan urishganday bo’lib, qovog’ini solib yurardi.  «Sharq yulduzi» jurnalida ishlab yurgan kezlarim mening oldimga uni Mahmud Sa’diy olib kelgan edi. U dastlabki qissalarini tahririyatlarga olib kelganda u yerda «nari tur-beri tur», deb ko’nglini qoldirganlar ham anchagina edi. Mening odatim shuki, uzoq tumanlardan, viloyatlardan kelganlarni, ularning jindek bo’lsa ham iste’dodi borligini sezsam, dalda berishga, uning asarini bir amallab bo’lsa ham yoruqqa chiqarishga harakat  qilardim. Tog’ayning tahririyatimizga olib kelgan dastlabki qissasi ham xuddi shunday chop etilgan.
 Tog’ay ikkinchi qissasini yozib tugatgach, kunlardan birida Murod Xidirov bilan birga uzun-qisqa bo’lib biznikiga kirib kelishdi. Tog’ayning qo’lida bitta o’rtamiyona  qovuni bor. «Nima gap?» — deb so’rasam, «Qissamni olib borsam, ba’zilar tixirlik  qilyapti.  O’zingiz bir  qo’llab yubormasangiz bo’lmaydi, aka!» — dedi.
— Shunga  qovun ko’tarib kelish kerak ekanmi? — dedim men. — Agar asar yaxshi bo’lsa o’zi tortib ketadi. Nochor bo’lsa, bir arava qovun olib kelsangiz  ham  o’tkazolmaysiz, uka...
Kulishdik. Ancha vaqtgacha balkonda hangomalashib o’tirdik. O’sha asar oradan hech qancha vaqt o’tmay  G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etildi. O’zim muharrirlik qildim. Tog’ay menga  3-4 ta kitobni dastxat bilan bergan edi, javonimda turibdi.
Yozuvchini bamisoli shamchiroqqa o’xshatish mumkin. Shamchiroqqa vaqt-vaqti bilan yog’ quyib turmasangiz, piligi kuyib tamom bo’ladi-qoladi... Yozuvchi ham  hayotni sinchkovlik bilan kuzatmas ekan, o’z ustida ishlamas ekan, mashq qilmas ekan, haligi aytganimiz chiroq kabi «pis» etib o’chadi-qoladi. Tog’ay  yiliga bir-ikki marta tug’ilgan  qishlog’iga borib kelardi. Tog’larni ziyorat qilardi, dashtlarni kezardi. O’sha yerdagi oddiy mehnatkashlar bilan gaplashardi, yurti havosidan qonib-qonib nafas olardi. Ot minib qishloqlar oralardi. Bularning hammasi yozuvchi uchun o’tgan xotiralarini eslash, ba’zilarini tiklash uchun zarur unsurlar o’rnini o’tar, shu tariqa  yozilajak asari uchun tanavor to’plar edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:45:03
Xullas, Tog’ay kunlarning birida Moskvaga o’qishga ketadigan bo’lib  qoldi. Gapning ochig’i, dastlab men uning bu niyatini unchalik  yoqtirmadim. O’sha kezlarda o’rislarning  Sergey Petrovich Borodin degan «katta» yozuvchisi Toshkentda yashab ijod  qilardi. Uyushmada bo’ladigan birorta anjumanni o’tkazib yubormasdi. Hammasida ishtirok etar,  qariyb hamma majlisda emin-erkin nutq so’zlardi. Kunlardan birida, uyushmada majlis bo’lib qoldi. U paytda uyushma Hadicha Sulaymonova ko’chasida, sobiq Navoiy kutubxonasining ro’parasida edi. Majlisda ko’riladigan masalalar orasida o’zbek  yozuvchilarini Moskvaga o’qishga jo’natish tadbiri ham bor ekan. Xuddi shu masala ko’tarilganida Sergey Petrovich so’z olib:
— Zachem? — deb qoldi kuyunchaklik bilan. — Hech qaerda yozuvchilikni o’rgatadigan maktab yo’q va bundan keyin ham bo’lmaydi. Yozuvchilik — bu xudo bergan ne’mat. Hozir ularni yuborasizlar. Boradi, o’qiydi, bilimi oshadi. Bilimi oshgandan so’ng o’zida bor, amal-taqal qilib yurgan narsalarini ham mensimay qo’yadi. Keyin yozmaydi, vassalom!
O’sha kezlarda Sergey Petrovichning gaplarini tasdiqlaydigan voqealar ko’p edi: Moskvaga o’qishga borgan ba’zi yozuvchilar o’qib bilimi oshgach, o’zi bilganlarini  mensimay, umuman, yozuvchilikni tashlab ketganlari ham bo’ldi. Men ularning ism-shariflarini aytib o’tirmayman. Bu bor gap. Shuning uchun ham men Tog’ayning Moskvaga borib o’qishini xush ko’rmaganman. Endi men o’sha paytda Sergey Petrovichning fikrlari g’olib kelib, noto’g’ri fikrlaganimni, noto’g’ri xulosa chiqarganimni payqab turibman. Tog’ay Moskvadan o’qishni tugatib kelgach, xuddi tog’dagi tiniq buloqning ko’zi ochilganday iste’dodi ochilgandan, ochilib ketdi. U butun kuchini, qobiliyatini ijod  qilishga bag’ishladi. Mashhur «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanlari, nazarimda, ana shu o’qish davrining, olgan nazariy bilimlarining natijasi  bo’lsa ajabmas. Agar Tog’ay uyoqqa borib o’qib kelmaganida, bilmadim, bu asarlarini yoza olarmidi yo yo’qmidi? U ko’zi ochilib, ulkan adabiyot bilan, chet el adabiyotlari bilan tanishib kelgandan keyin mazkur asarlarini yozdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:45:19
Unda istiqlolimiz tufayli qandaydir katta bir jur’at paydo bo’ldi. Shu katta jur’at tufayli erkin fikrlash paydo bo’ldi. «Otamdan qolgan dalalar» romanini yozishga jur’at qildi. Sho’ro tuzumi mehnatkash xalqni ayovsiz ezib yuborganini dadil va rostgo’ylik bilan yozdi. Buni hamma tan oldi. Shuning natijasi bo’lsa kerak, unga Abdulla  Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berildi... Bu hukumatimizning yozuvchiga bergan bahosi. Keyinchalik Tog’ay Murodga «Xalq yozuvchisi» degan yuksak unvonning berilishi ham xalqimizning yozuvchiga bo’lgan hurmati ramzi bo’ldi, desak xato bo’lmas. «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani ham, shubhasiz, dadil asar bo’ldi.
Tog’ayning «Ot kishnagan oqshom» qissasi chop etilishida mening ham hissam borligini boya aytib o’tgan edim. Uning asarlarida shira bor, milliylik bor, adibning aytadigan gaplari bor. «Ot kishnagan oqshom» qissasi Yo’ldosh Oxunboboev nomidagi Yosh tomoshabinlar teatrida rejissyor Olimjon Salimovning instsenirovkasi bo’yicha  sahnaga qo’yildi. Ba’zilar aytishi mumkin: «Xo’sh, nima bo’pti, rejissyor o’zi instsenirovka qildi, o’zi qo’ydi», deb. Yo’q, agar asarning negizida gapi bo’lmasa, rejissyor uni hech narsa qilolmaydi. «Xo’p, olib chiqsa nima bo’pti?!» — ham deyishar. Bizda nima ko’p — sahna asari ko’p. Shularning ichidan faqat Tog’ayning asarini tanlab, qardosh Qozog’iston Davlat akademik teatri o’z sahnalarida qozoqchaga o’girib gumburlatib qo’yayotganiga nima deysiz? Bu tasodifmi? Yo’q, bu tasodif emas.  Asarda qozoq birodarlarimizga ma’qul keladigan biror gapi borki, sahnalashtirgan.
Shu paytgacha Abdulla Qahhorning «Og’riq tishlar»i bilan Said Ahmadning «Kelinlar qo’zg’oloni» qozoq sahnasi yuzini ko’rgan edi. Bular ilgarigi davrda edi. Tog’ay Murodniki esa  istiqlolimiz davriga to’g’ri keldi. Davr masalasini hisobga olsak, unda qardoshlar sahnasiga chiqqan bizning asarimiz yakkayu yagona  shu Tog’ay Murodniki bo’lib qoladi. Shuning o’zi ham ancha narsani anglatmaydimi, axir? Bu asar, demak, qardoshlarimizga ham ma’qul bo’libdi. Nimasi ma’qul bo’ldi ekan? Ma’lumingizki, Qozog’iston asosan chorvador respublika. Paxtachilik  qanchalik bizning milliy xarakterimizni belgilaydigan bo’lsa, ularda chorvachilik, chorva aksari xalqning kasb-korini belgilaydigan soha. Ot, qoramol, qo’y, echki qozoqlarning joni. «Ot kishnagan oqshom» asari faqat ot kishnagani uchun emas, balki tasvirlanayotgan ob’ektga munosabati bilan, odamlarning dardini haqqoniy ayta bilgani bilan ham qardoshlarimiz sahnasi yuzini ko’rishga munosib deb topildi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:45:31
Ba’zan-ba’zan nega bizning adabiyotimiz jahonga chiqmaydi, deganga o’xshagan gap-so’zlar bo’lib turadi. Jahonga chiqish uchun biz yaratgan asarlarda jahonshumul muammolar ko’tarilishi, baquvvat-baquvvat qahramonlar yaratilishi kerak. Men hech ikkilanmay aytishim mumkinki, Tog’ay Murodning keyingi romanlari, agar malakali tarjimonning qo’liga tushib, ko’ngildagidek tarjima qilinsa, boshqa yurtlardagi o’quvchilarning javonlaridan ham o’rin olishi turgan gap. Men shu yoshga kirib shunga amin bo’ldimki, yozuvchidan keyin uning asarlarini targ’ib qiladigan kimdir qolishi kerak ekan. Mana, Ma’suma  shu yo’ldan borib jon kuydiryapti. Tog’ay Murodning asarlarini chet tillarga tarjima qilib chop etilishi uchun ham uni qo’llab-quvvatlab turadigan tashkilot, jonkuyar odam bo’lishi kerak. Menimcha, uning asarlaridan biri xalqaro tillardan biriga tarjima qilinib chop etilsa bas, uyog’ini asarning o’zi tortib ketadi.
Tog’ay menga ukadek aziz, do’stdek qadrdon edi. Nachora, Ollohning irodasi ekan, umri qisqa bo’ldi. Yashab, ijod qilib yursa bo’lardi. Afsuski, yaratgan  Egam o’zi berganini o’zi oladi. Lekin Tog’ay Murod ozgina yashagan bo’lsa ham sozgina asarlar yaratib, o’ziga haykal qo’yib ketdi.
Ukamizning joyi jannatda bo’lsin!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:46:18
NE’MAT AMINOV

KUYOV  SARPOSI  IZLAB...                                                 
(Yozuvchi Tog’ay Murod haqidagi xotiralardan)

Olloh rahmatiga olgan bo’lsin, Tog’ay Murod yorqin ranglar, munis-munis ohanglar yozuvchisi edi. U qissa bitmasdi. balki bor ovozi bilan hazin-hazin sher o’qirdi, qo’shiq aytardi. Bu she’rda o’ziga xos sirli ohang, joziba ohanrabodek jilolanib turadi.
Darhaqiqat, Tog’ay Murodning dastlabki qissalari — «Oydinda yurgan odamlar», «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan  oqshom» ana shunday asarlar jumlasidandir. Shu xil o’zbekona tilda yozish uchun Tog’ay Muroddek ko’klarga xos mag’rur, moviy bir xarakterga, xuddi o’shandek ichki bir kamtarlikka ega bo’lish lozim edi.
Esiz odamzot! Ming afsus, endi uning qo’shiqlaridan fonogramma emas, balki o’z ovozida aytilgan asl nusxalar qoldi.
Xudo ko’rsatmasin, agar uni Turgenev va Tolstoy singari ayrim daho duelparast ijodkorlarga o’xshab jangarilikda ayblasak, Tog’ay Murodning ruhini ranjitib, uning pok nomini benom qilgan bo’lar edik.
Ochig’i, men bu yigitni ahyon-ahyonda uyushma yig’ilishlarida uchratib qolardim. U o’ziga xos bir mag’rurlik bilan o’ng qo’lini kostyumi yoki shimi cho’ntagiga solganicha, zalning eng orqa qatoridagi o’rindiqlardan biriga borib o’tirar va mag’rurona tinglardi. U haqda birinchi marta yozuvchi sifatida emas, balki shofirkonlik bir shaxmatchi yigit bilan aytishib qolgani to’g’risida kimdir qo’shib-chatib hikoya qilib  berganida orqavoratdan eshitganman. Aytishlaricha, haqiqatan ham, bir oz havoyiroq shaxmatchi yigit ham sportchi, davra ko’rgan Tog’ay Murod ham sportchi. Bu voqeani o’z ko’zi bilan ko’rgan odamlarning hikoya qilishlaricha, shaxmatchining sal-pal havoyiligi tufayli raqibi bilan oddiy «santak-mantak» mushtlashuv darajasiga borib yetadi.
Tog’ay Murodning o’ng qo’li uning og’iz-burniga to’g’ri keladi. Sho’rlik shaxmatchi jonholatda uning ko’rsatkich barmog’ini g’arch etib tishlab olib, «puf» degancha bir chetga tupurib tashlaydi. Buni, shu janjalning guvohi  bo’lgan buxorolik talabalardan ham eshitganman...
Shu-shu, polvonsifat yigit — bo’lajak mashhur yozuvchining talabalik davridagi arzimas janjaldan (antiqa jangda musht o’rniga tish g’olib chiqqandi) ko’rsatkich barmog’i salkam bir bo’g’in cho’ltoq bo’lib  qolgan edi.
Bu voqea har ikkala  raqib orasida sir bo’lib qoldi.   Mana, bugun 1984  yilning   kuzida o’n  olti  qavatli  «Sharq» Birlashgan nashriyotining o’ninchi qavatida «Mushtum» jurnali idorasida ishlab o’tirsam, pastdan  ichki telefon jiringlab qoldi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:47:22
—  Labbay?!
—  Allo! Men Tog’ayman.
—  Qaysi tog’am, deysiz ?
—  Men yozuvchi Tog’ay Murodman!
—  E, bunday deng? Xo’sh, xizmat?!
— Pastga tushasizmi? Yoki sizni xor qilib o’tirmay o’zim chiqib boraymi?
—  Qaerdasiz?
—  Melisani   yonidaman...
—  Bo’lmasa ovora bo’lib yurmang, o’zim tushaman.
—   Bo’pti, kutaman.
Hayal o’tmay pastga tushib keldim. Birinchi qavatda osmon¬o’par binoning ko’lankasida, bir chetda Tog’ay Murodni ko’rdim. O’sha-o’sha kiftlari go’shtdor, yelkalari  bir oz chiqiq,  qo’llari uzun-uzun, sapoq, betlari anordek qontalash edi. Yonida oriqqina qoracha bir qiz bo’lib, iymanib turardi. Tog’ay o’zini bir oz o’ng’aysiz sezgandek, noqulay bir kayfiyatda edi.
— Kirasizmi?
—  Yo’q, aka Ne’mat,  Sizni to’yga aytib keluvdik.
—  Qachon ekan to’y?
— Hali to’ygacha salkam bir qovun pishig’i bor.
— Yaqin ekan-ku (o’zimcha hisoblab chiqqan bo’ldim), aytmoqchi, kelin  ma’qulmi ishqilib?
— Ha, yomon emas, — yonidagi qizga ishora  qilib, — bir kunimizga yarab  qolar. Darvoqe, tanishing, o’zlari yozuvchi, otlari Ma’suma. To’y-ku bo’ladi, aka Ne’mat,  bir masalada boshimiz qotib turibdi. Keliningiz aytmoqchi, go’shangaga kirish  uchun  ohori  ketmagan bir kostyum kerak ekan.
— Menga qarang, kuyov bola, — dedim hazilga olib, — axir o’zingizda ajoyib kostyum bo’lardi, katak-katak, qizil gulli, sholga o’xshash qalin. O’zingizga juda yarashardi.
— Ha, umi, juda zo’r kostyum edi. Meni yozuvchi qilib tanitgan o’sha kostyum. Aslida o’n yildan ortiqroq kiyib yuribman. Biroq keliningiz aytmoqchi, go’shangaga kirish uchun biror-bir ohori ketmagan kostyum kerak emish. Mening o’zimga qolsa, onamdan qolgan bo’xchada davrabop kurash tushadigan olacha to’nim ham bor. O’shani kiyib bir kechalik to’yni o’tkazsam ham bo’laveradi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:47:38
Shundan keyin magazinma-magazin, tanish-bilishlarni izlab ketdik. Dastlab, tsirkning kunchiqar tomonidagi «Ganga» magaziniga kirdik. Bu magazin yangi ochilgan, Hindiston bilan qo’shma magazin bo’lib, bu yerda  noyob chet el kiyim-kechaklari ahyon-ahyonda uchrab turardi. Afsus, murod hosil bo’lmadi. Kost¬yum bor ekan-u, sotuvchisi yo’q ekan. Biz izlagan lenin¬obodlik Asadulla degan yigit bor edi, aksiga olib u ham yo’q   ekan, onasi betobligi  uchun kecha kechqurun qo’shni respublikaga jo’nab ketibdi. Noiloj yana yo’lga tushdik. Bu gal «Jasorat» yodgorligining kunchiqar tarafida joylashgan kiyim-kechak magaziniga yo’l oldik. Magazin sotuvchisi bir yigit bizning arzimizni diqqat bilan eshitgach, xushchaqchaqlik bilan kelin-kuyovni samimiy tabriklagan bo’ldi.
— To’y bo’lsin, ishqilib, baxtli bo’linglar.
—  Rahmat, tashakkur.
— Menga qarang, kuyov bola, bu kelin bo’lmish qatdan o’zlari?
— Qatdan bo’lardi, shu O’zbekistondan-da...
— Aytmoqchi, men vodiydan yoki o’zimizdan bo’lsalar kerak deb o’ylabman. Biz tomonlarda odatda qiz bola tug’ilgandayoq kuyov sarposi tadorigini o’ylab qo’yadi. Bizlarda shu  rasm bo’lgan. Nahotki shu paytgacha o’ylamagan bo’lsalaringiz?
Kuyov bolaning turqi shu zahotiyoq  o’zgarib ketdi:
— Buning uchun kelin bolaning otasi katta amaldor yoki pochchasi oblpotrebsoyuzning direktori bo’lishi kerak. Bizning kelinimiz bo’lsa, o’zimizga o’xshash...  Nachora, bizbop kostyum topilmasa kerak-da?
— Nega,  topiladi,  izlab  ko’ramiz.  Hamkasblarning   birortasida topilsa kerak...
—  Xo’p, qachon xabar olsam bo’ladi?
— Ertaga obedga yaqin bir xabar olasiz-a, kuyov bola.
— Xo’p,    mayli, bo’lmasa ertaga xabar olaman.
Albatta,  ertasi kuni Tog’ay Murod nikoh kostyumidan xabar olmadi. Xullas, bizlar va sotuvchi yigit ortiqcha xijolatpazlikdan xalos bo’lganimizga  shukr qilib  qolaverdik.

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:48:45
BAHODIR  SARIMSOQOV

QISQA, AMMO MAZMUNLI   UMR

Tog’ay Murod"¦ Bu ism adabiyotimizga dastlab juda ham beozor, aytish mumkinki, sezilarsiz kirib keldi. Ammo tez fursat ichida u sevimli va ardoqli nomga aylandi. Men uning muxlislaridan biri sifatida bu ismga, chop etgan qissalariga qattiq bog’lanib qoldim. O’tgan asr 70-yillarining o’rtalarida yozilgan «Yulduzlar mangu yonadi» qissasini, agar yanglishmasam, o’n martadan ortiq o’qiganman. Keyinchalik bu kitobchani yo’qotib qo’ydim. Shundan so’ng Yozuvchilar uyushmasining xodimi Rahimjon Otaevdan shu qissani topib berishni iltimos qildim. U iltimosimni befarq qoldirmadi, kitobchani topib berdi. Yerdan chaqa topib olgan qulday quvonib, qissani qayta-qayta o’qib yurdim. Ana shu yillarda menda Tog’ay Murod bilan uchrashish, u bilan suhbatlashish istagi tug’ildi.
Kunlarning birida hozirgi Amir Temur xiyobonining biqinidagi Yozuvchilar uyushmasining majlislar zalida allaqanday yig’ilish bo’ldi. Yig’ilishdan keyinmi, tanaffus paytidami, uyushma binosining yerto’lasidagi bufetga tushdim. Chetdagi stollardan birida yolg’iz bir yigit o’tirardi. Boshqa joylar band, faqat shu yigit qarshisidagi bir joy bo’sh edi. Men o’sha joyga borib o’tirdim. Hurmat, qolaversa, rasmiyat yuzasidan o’zimni tanishtirdim. Shunda u qisqa qilib: «Tog’ay Murod», dedi. Men topa olmay yurgan adibim bilan tasodifan uchrashib qolganimdan quvonib ketdim. Mening unga beradigan savollarim anchagina edi, lekin bu uchrashuvimiz atigi yarim soatlar davom etdi, xolos.
Keyinchalik ana shu uchrashuvdagi taassurotlarimni ko’p bor eslab, unutilishi mumkin bo’lgan ba’zi tafsilotlarni xotiramda mustahkamlab olishga harakat qildim. Ana shu taassurot hozir ham meni aldamaydi.
Tog’ay Murod"¦ Dastavval  bu yigit qalbining shu qadar keng va  boyligini o’sha uchrashuvda to’la anglab yetmagan edim. Keyinroq uning «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalari e’lon qilingandan keyin shu narsaga amin bo’ldimki, uning ona zaminga, mehnatkash insonga, halol va nekbin, to’g’riso’z va o’jar kishilarga bo’lgan mehru muhabbati, ehtiromi cheksiz ekan. Mana shundan keyin bu insonning ma’naviy-ruhiy qudrati meni tobora o’ziga torta boshladi.
Uni qidirib nashriyotlarga bordim. U yerdagilar ham yelkalarini qisib qo’ya qolishdi
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:49:03
Qalamkash tanish va do’stlarimdan ayrimlari: «E, uni surishtirib nima qilasiz? Kesakdan bir olov chiqdi-da. Tog’ay o’zidagi bor narsasini, ruhiy quvvatini uch-to’rt qissasida to’la sarflab bo’ldi. Endi u boshqa yirikroq narsa yoza olmaydi», deb aytdilar. Ularning Tog’ay Murod  haqida aytgan bunday nordon so’zlari esa unga emas, balki menga  otilgan toshdek tegar edi. Nahotki, shunday bo’lsa? Agar, haqiqatan ham, bu so’zlar to’g’ri bo’lsa, dahshat-ku! Chunki bu tashxis o’zbek nasrini, aniqrog’i, o’zbek falsafiy-lirik nasrini bir necha yillar, balki bir umr oqsoqlantirib qo’yishidan darak berardi. Shunga qaramay, qalbimning chuqur puchmog’idagi bir iliq tuyg’u sovuq  tafakkurimni nurlantirib turardi. Men uning kaftdek yuragida hali ko’zi ochilmagan bir vulqon alangalanib yotganligiga ishonar edim.
Men o’jarlik bilan uni yana surishtira ketdim. Ma’lum bo’lishicha, u o’sha kezlari Moskvaga o’qishga ketgan ekan. Bu mujdadan ko’nglim ancha taskin topdi. Oliy adabiyot kurslariga o’qishga ketibdimi, demak, u badiiy ijod sirlarini puxta o’rganishga jiddiy kirishibdi. Endi undan yanada baquvvat asarlar kutsa bo’ladi, degan fikrga keldim va xotirjam bo’ldim.
Mana shundan keyin uning qissalari haqida maqolalar yozib, bir nechta jurnal va gazetalar tahririyatiga olib bordim. U yerdagilar tashqi jihatdan mamnunlik bilan taqrizlarni olib qoldilar va albatta e’lon qilishga va’dalar berishib kuzatdilar. Ammo tahririyatdagilarning menga yoki adibga bo’lgan «samimiy» munosabatlari sabab bo’ldimi, birorta ham taqrizim chop etilmadi. Buni men ko’proq o’zimdan, qalamimning kuchsizligidan ko’rib, hech kimga hech narsa demay yurdim. Ammo Tog’ay Murod haqida bosilgan taqrizu maqolalarni o’qib, o’zimning e’lon qilinmagan maqolalarim ancha baquvvatligini bilib oldim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:49:16
Keyinroq adibning «Otamdan qolgan dalalar» romani chop etilgach, menga Tog’ay Murod bilan yana uchrashish baxti nasib etdi. Men uning asarlari haqida yozgan narsalarimni, ulardagi asosiy qarashlarimni aytib, uning munosabatini so’radim. U «Ot kishnagan oqshom» va «Oydinda yurgan odamlar» qissalari haqidagi mulohazalarimni qayta-qayta so’rab oldi-da, kinoya bilan: «Bu taqrizlaringizda sotsialistik realizm istilohi yo’q-ku. Bu holda kim ham ularni bostirardi», deb kuldi. Haqiqatan ham, maqola va taqrizlarimni yozgan paytlarda «sotsialistik realizm» mafhuli ayrim adabiyotshunos va tan¬qidchilar uchun gapning «bismillo»siga aylanib qolgan edi. Mening narsalarim esa bunday vasvasa hamda madhu sanolardan xoli bo’lib, ularning nazdida «rangsiz» edi.
Tog’ay Murod"¦ Bu ism XX asr o’zbek qissachiligini yangi, shukuhli cho’qqilarga ko’tardi. Ammo diqqat qilinsa, adibning barcha qissalarida pokdomon kishilar, ularning halol va oddiy hayotlari, dardu armonlari tasvirlangan. Adabiyotda urbanistik turmush, ziyoli yoki elita kishilar ko’proq qalamga olingan paytlarda Tog’ay Murod oddiy qishloq zahmatkashlari, ularning quvonchu tashvishlarga boy,  tanti va samimiyatga to’la turmushlarini olib kirdi. Uning har bir qissasi inson umrining yangroq qo’shig’i yanglig’ jaranglab turadi.
Tog’ay Murod"¦ Bu ism o’zbek romanchiligi taraqqiyotida ham belgilovchi o’rin egallaydi. Chunki adib o’zbek badiiy nasridagi bayon poetikasini butunlay yangi o’zanga burib yubordi. Epik bayonning bu shakli hozirgi o’zbek nasrida mutlaqo yangi badiiy hodisa bo’ldi. Men bu hodisani kvantiy bayon shakli, deb nomlagim keladi va epik bayonning ushbu shamoyili  haqida, umr nasib etsa, maxsus bir tadqiqot qilish niyatim ham yo’q emas. Chunki Tog’ay Murod asarlari syujetida xronikal, assotsiativ va retrospektiv singari bayon shakllari goh alohida-alohida istifoda etilsa, ko’p hollarda ular sintezlashib ketadi"¦
Tog’ay Murod"¦ Bu ism adabiyotimizga sokin va beozor kirib keldi, ammo abadiy iftixor bilan nasrimiz tarixida muhr¬lanib qoldi. U qisqa, ammo mazmunli umr ko’rdi. Adib yaratgan qissalaru ikki roman uning porloq xotirasini hamisha eslatib turadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:50:37
IBROHIM G’AFUROV


HASSOS  DARYO

Tog’ay Murodning ilk asarlarini o’qiganda ularning kutilmagan poeziyasi meni o’ziga rom etdi. Esimizda, o’sha asarlar dunyoga kelib o’qilayotganda juda ko’pchilik o’quvchilarga va qalam ahliga bu kutilmagan poeziya shunday juda chuqur taassurot qoldirgan edi. Ular yaqin-yiroq adabiyotlar sarhadlari va ufqlariga qaraganda ham o’xshashi yo’q  adabiy-badiiy hodisalar ekanligi ko’rinib turardi.
Gruzinlarning Pirosmani degan rassomi o’tgan. Uning suratlari xuddi juda talantli bolalar chizgan suratlarga o’xshaydi.  Buni primitivizm ham deyishadi. Yaxshi ma’noda. Piros¬mani shu o’ta odmi suratlarida gruzinning qiyofasi, gruzinning tom shoirligi, san’atkorligi va o’z-o’ziga bo’lgan ishonchini juda yorqin va takrorlanmas  tarzda aks ettirgan. Piros¬manining Tog’ay Murodga hech aloqasi yo’q. Lekin Tog’ay Murod ham xuddi shu gruzin rassomi kabi takrorlanmas, shoirona, o’zbekona va xalqonadir.
Tog’ay Murodni o’qisangiz,  odam dam-badam to’lib ketadi. Yig’i. Zavq-shavq... Ilhomga.
Tog’ay Murod bu — To’polondaryo. Uni men dunyodagi eng chiroyli daryolardan biri deb bilaman. Voy, bu daryoning sho’xligi! Voy, bu daryoning o’ziga odamni sig’dirmasligi! Bir kaft suv ololmaysiz! Bir zum oyog’ingizni rohat to’lqinga sololmaysiz. Qo’ymaydi! Shitob bilan oqizib ketadi. Chirpirak qilib yuboradi. Lekin butun Surxon uning bois gul-gul yashnaydi, ochiladi, tiriklik qo’shig’ini aytib jar soladi, nash’a suradi.
Niagara Amerika diyorida shoirlarni yaratganmi, yaratmaganmi, aytolmayman. Lekin To’polondaryo Surxonda Tog’ay Murodni yaratgan. Unga o’z shaddod shoirligidan ulug’ ulush ato etgan. Meni bu ikki ulug’vor hassoslik doim hayratga soladi. Bu ikki daryo bo’yida doim odam o’zini bag’ri kengayganday, yayraganday, dunyoning tahlil etib bo’lmas sirlariga oshno bo’lganday sezadi.

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:51:32
ABDUG’AFUR  RASULOV

HALOL  IJOD



Ko’zga ilmasdan bo’ladimi

Polvonmi, chavandozmi, merganmi o’tday yonib, yulduzday porlab davraga kirsa, surur, g’urur, shiddat va ishonch bilan yig’ilganlarni shavq-zavqqa to’ldirsa, bor mahoratini ishga solib g’alaba qozonsa:
— Halo-o-ol! Halo-o-ol! — degan hayqiriq osmonu falakka  o’rlaydi.
Ijodkor ham shavq-zavq kishisi. Halo-o-ol ijodi, yoniq asari, jonli, hayotiy qahramonlari bilan kitobxonni rom etishni orzu qiladi. Tog’ay Murod yuragida yoli bor yozuvchilardan edi. U ko’p yozmadi, ammo qoyilmaqom asarlar yaratdi. Xudo yorlaqagan qahramonlarni nodir adabiy aholi safiga qo’shdi. Adabiy aholi yashaydigan ramziy saltanatning hududi bepoyon, fuqarolari nufusi son-sanoqsiz. Lekin bu saltanatda qalbidagi ilk muhabbati harorati hanuz so’nmagan, imon-insofli, tanti Bo’ri polvon, boshi kal bo’lsa-da, ko’ngli nozik Ziyodulla, Jamoliddin ketmonu chapani Aqrab, oyning oydin nuriga chulg’angan Qoplon boboyu Oymomo aya ko’zga yarq etib tashlanib turadi. Faqat kunu tun mehnat qilish huquqidangina mahrum etilmagan, yuragi armon, azob, xo’rlik-xorlikka to’la Dehqonqul holiga, na sirti va na botinida o’zligidan nom-nishon qolmagan Botir firqa ahvoliga kim achinmaydi, deysiz?! Tog’ay Murod asarlari kitobxonni o’ylatadi, yig’latadi, kuydiradi. Muhimi, kitobxon mana shunday zavqli azobdan, og’riqli huzurdan bezmaydi. Hozir o’zbek kitobxonlarining keksa, o’rta yoshli vakillari orasida Tog’ay Murod asarlariga ipsiz bog’lanmaganlari yo’q hisobi. Men Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» nomli ilk qissasini o’qiganimdayoq, bu ijod sehriga mahliyo bo’lganman.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:52:14
Birinchi jumla jumbog’i

Badiiy nasrning g’aroyib qoidasi bor: yozuvchi birinchi jumlani qog’ozga tushirishga uzoq tayyorgarlik ko’radi. Birinchi jumla — uslubning yarq etib ko’rinishi, yozuvchi kayfiyati; kitobxonni sinab ko’rish; ijodkor va kitobxon ko’zining ko’ziga tushishi... «1264 hijriya, dalv oyining 17-chisi, qish kunlarining biri, quyosh botgan, tevarakdan shom azoni eshitiladir...»,  «Hamal keldi, amal keldi», «Vaqt peshindan oqqan edi», «Qazisan, qartasan, axir, naslingga tortasan! — dedi kampir omborni qulflayotib». Bular — mashhur o’zbek romanlarining ilk jumlalari. Ularga atay urg’u berilganini, ilmiy ishlarda fikr bildirilganligini eslolmayman. Ammo Tog’ay Murodning birinchi romanidagi mana bu jumla oson hazm bo’ldi, deya olmayman: «Men farg’onachi Jamoliddin ketmon nabirasi bo’laman». Bitta jumla — bitta bob. Yozuvchi bob, jumladagi har bir so’zni yetti o’lchab bir qo’llagan. Jumladagi olti so’zning ikkitasi — «farg’onachi» va «ketmon»ga asosiy vazifa yuklangan. Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Oybek uslubiga o’rgangan kitobxon Tog’ay Murod romanidagi ilk jumla, «farg’onachi» so’zini hazm qilishga qiynaladi.
... Nabi Vasixonov degan qo’shnim bo’lardi. Kasbi vrach. Respublikada xizmat ko’rsatgan sog’liqni saqlash xodimi. Nabixon aka Said Ahmad bilan tengdosh, qadrdon edilar. Abdulla Qahhorni, uning ijodini yeru ko’kka ishonmasdi. Yo tavba, Nabixon aka keksayganlarida xuddi Abdulla Qahhor bo’lib qoldilar: ko’rinishlari, o’zlarini tutishlari, nim tabassum bilan sekin, chertib-chertib gapirishlari, hatto latifani ham qoyilmaqom aytishlari... Vaqti-vaqti bilan u kishi mendan yangi asarlarni olib o’qirdilar. Bir kuni u kishiga «Otamdan qolgan dalalar»ni berdim. Uch-to’rt kun o’tgach, kitobni uydagilarga berib ketibdilar. Ko’rishganimizda, roman haqida og’iz ochmadilar. Bir kuni yana o’qishga kitob so’radilar. Men atayin «Otamdan qolgan dalalar»ni qo’llariga tutqazdim. Bir oz vaqt o’tgach, qo’shnim biznikiga kirib keldilar. Gurung boshlandi.
— 1938 yilning kech kuzi edi. Otam (toshkentliklar yaqin-yaqinlargacha ham buvalarini «ota», derdilar — A.R.) meni dala-hovliga borib kelishimizga undadilar. Huvillagan dala-hovlimizga keldik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:52:27
— O’t yoqing, o’g’lim, — dedilar otam.
Hayron bo’ldim.
— Bugun Kumushbibini ikkalamiz dafn etamiz, — dedilar.
O’t yoqildi. «O’tkan kunlar» kuydirildi. Otam yig’lab turib uzoq tilovat qildilar. Oyati karimaning ajr-savoblari romanning qadrdon qahramonlari, yana kimlarningdir ruhi pok¬lariga bag’ishlandi.
— Abdug’afur, men tengi avlod ruh-ruhiga «O’tkan kunlar», «Kecha va kunduz», «Sarob» singib ketgan. Ehtimol, menga bergan o’sha kitobingiz zo’rdir. Lekin men «farg’onachi» so’zidan keyin asarni o’qiy olmadim. Uzr. Qariyapman shekilli...
Haqiqatan ham, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Oybek, Abdulla Qahhorlar XX asr kitobxoni ruhiga singib ketdi, didini shakllantirdi. Tog’ay Murod, Murod Muhammad Do’st, Xayriddin Sulton, Erkin A’zam singari ijodkorlar esa o’zbek nas¬riga yangi uslub olib kirdilar, hayotni yangi nuqtalardan turib tasvirlay boshladilar. Lekin ular Abdulla Qodiriylar uslubiga zid bormadilar. Aksincha, yangi nasr an’anasini yangi asr bo’sag’asida boyitdilar, unga ijodiy yondashdilar. Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi ilk jumla, birinchi bobdagi «ketmon» so’zi ko’p narsalarni eslatadi. Abdulla Qodiriy «Obid ketmon» qissasini yozdi. Ketmon — ajoyib ramz. Bolta chopadi, tesha yo’nadi, o’roq o’radi, bolg’a uradi. Ketmon yerga botadi. U odam bilan yerni bog’laydi. Ketmon — yaratish, undirish, ko’kartirish, elni to’ydirish ramzi. Ketmon tutgan qo’llar hech qachon xor-zor bo’lmaydi. Ketmon nafaqat qo’lni pishitadi, tadbirkorlikni o’rgatadi, yer ilmini o’zlashtirishga undaydi. Tog’ay Murodning Jamoliddin ketmoni Obid ketmonning boshqa muhit, boshqa sharoitdagi timsoli. Jamoliddin ham, mulla Obid ham bosiq, vazmin, ko’p ishlab, kam gapiradigan odamlar. Lekin har ikkisining imoni butun, e’tiqodi po’latday mustahkam. Jamoliddin ketmon sarson-sargardonlikni boshidan kechirdi, ammo tuzum taz¬yiqi¬ni, ijtimoiy muhit zug’umini ko’rmasdan o’tib ketdi. Aqrab Jamoliddin o’g’li ham ruhan, ham jisman ezildi: qaramlik azobini, tutqunlik xo’rligini boshidan kechirdi. Dehqonqul Aqrab o’g’li, Jamoliddin nabirasi shaxs sifatida sindi, tuzum, mafkura tutquniga aylandi. Ayrimlar «Otamdan qolgan dalalar»ning roman ekanligiga ishonmaydilar. Menimcha, Tog’ay Murodning bu asari haqiqiy roman. Yirik asarda voqealar tasviri, qahramonlarning harakat maydoni asos hisoblanmaydi. San’atkorning voqea-hodisaga kontseptual-falsafiy munosabati hal qiluvchi rol o’ynaydi. Tog’ay Murod ixchamgina romanida mustamlakachilikning boshlanishi, uning turli ko’rinishlari haqida ishonarli taassurot qoldiradi. Asarda erkin inson, tutqun shaxs, o’zligidan mahrum etilgan uch avlod taqdiri tasvirlanadi. E’tibor bering, Dehqonqul Jamoliddin buvasi, Aqrab otasi haqida g’urur bilan gapiradi. Jamoliddin ketmon, Aqrab qo’rboshi Dehqonqulning ahvolini ko’rsa ich-ichidan ezilib, xo’rlanib ketgan bo’lardi. Jamoliddin, Aqrablar o’tdi. Dehqonqul qadr¬don dalalariga umid bilan boqadi. Bu dalalarda hur, ozod insonlar yashashiga ishonadi. Qadrdon dala — Ona-Vatan timsoli. «Otamdan qolgan dalalar» uzoq yashaydigan, hali ko’plarni o’ylantiradigan, ta’sirlantiradigan romanlardan ekanligiga shubha yo’q.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:53:01
Yozuvchi hayotni o’rganishi shartmi?

Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Otamdan qolgan dalalar» asarlarini o’qiganimdan keyin yozuvchi hayotni qanday o’rganishi lozimligini angladim. Tog’ay Murod ilk qissasida milliy kurash sir-asrorlarini, polvonlar mahoratini shu darajada nozik o’rganganki, undagi maxsus atamalar «Milliy kurash bo’yicha qo’llanmalar»ga kiritildi. Hozir o’zbek kurashi qaerga yetib borgan bo’lsa, o’sha yerda «halol», «chala», «yonbosh» singari atamalarni biladilar, qo’llaydilar. Demoqchimanki, yozuvchi o’z asari materialini shu darajada bilishi kerakki, lozim bo’lsa, mutaxassis ham undan foydalansin.
Ko’pkari, uloq haqida ko’p yozilgan. Lekin birorta asarda ot va ot egasi, bakovul, beriladigan zot, ko’pkari uchun so’yilgan jonivor haqida Tog’ay Murod asaridagiday mukammal ma’lumot berilmagan.
Otshunos-zoologlar ham qaysi qulun, qanday toydan qanaqa ot paydo bo’lishini Tog’ay Murodday aniq, ishonarli yozishmagan. Bilishimcha, Chingiz Aytmatov tuya to’g’risida «Asrga tatigulik kun» asarida, bo’ri haqida «Qiyomat» romanida ishonarli ma’lumotlar bergan. Jahon adabiyotida hayvonlarning antiqa obrazlarini yaratgan asarlar ko’p.
«Otamdan qolgan dalalar»da paxtakorning hutdan aqrabgacha bo’lgan kundalik yumushi oppoq paxtaning qora mehnati o’ta haqqoniy tasvirlangan. Asar manaman degan agronom uchun badiiy qo’llanma misoli.
Muallif hayotni shunchaki o’rganmaydi. U kitobxon ko’zi o’ngida chalasavod, bilimsiz ko’rinishdan cho’chib, polvon, chavandoz, paxtakor hayotining miri-sirini o’rganadi. Hayotni o’rganish masalaning yuzaki tomoni, hafsala qilsa, hamma ham bu ishni uddalaydi, deguvchilar ham topiladi. Gap shundaki, yozuvchi o’z qahramonining kasbi, yumushlari orqali ruhiga, tabiatiga kirib boradi. Bo’ri polvon, Ziyodulla kal, Dehqon¬qul o’z kasbining mohir bilag’oni. Ayni vaqtda mana shu odamlar g’irrom, ayyor, ichiqora, yolg’onchi, yuzsiz insonlar oldida yosh boladay o’zlarini yo’qotib qo’yadilar, ayanchli ahvolga tushadilar. Dog’uli Nasim Bo’riga xiyonat qildi, do’stining sevgilisini tuzoqqa ilintirdi. Bo’ri polvonning yurak-bag’ri qon bo’ladi, ammo do’stidan voz kecholmaydi. Ichiqoraligi, ayyor-xiyonatkorligi bois Xudo  jazolagan Nasim tavba-tazarru qilmaydi, Bo’ri polvon oldida yuzi qoraligidan nadomat chekmaydi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:53:58
Ziyodulla kalni kimlar kalaka qilmagan, qaysi bakovul uning g’olibligidan, zo’rligidan ko’z yummagan, deysiz?! Ko’ngli o’ksik, ammo tanti bu inson necha bor araz urgan, davrani tashlab ketgan. Lekin Ziyodulla tabiatidagi allaqanday kuch uni hamisha murosai madoraga, sabr-qanoatga, kechirimlilikka undagan. Yozuvchi bu qahramon ruhiyatidagi holatlarni o’rniga qo’yib tasvirlaydi:
«—... Bizdan so’rasangiz, Karimboy, biz ko’pkaridan qaytdik, ha! Ko’pkarida adolat qolmadi, Karimboy. Bari oshna-og’aynigarchilik bo’lib ketdi!
— Ko’pkari tamom bo’ldimi?
— Yo’q, hali bo’lyapti.
— Unda boring-da.
Men sergak bo’ldim. Bolaga e’tibor berib qaradim.
— Ko’p qo’ymadingiz-qo’ymadingiz-da, Karimboy. Borsam bora¬yin, sadqai suxaningiz.
Tarlonni yechib, tag’in otlandim». (170-bet).
Asardagi Dehqonqul xarakterida Bo’ri polvon, Ziyodulla chavandozdagi ko’p xususiyatlar aks etgan. O’ylab ko’rilsa, kolxozni kolxoz qilgan Dehqonqul. Raisu Ideologiyayu raykomga obro’ olib berayotgan ham o’sha. Lekin na raykom, na Ideologiya va na rais Dehqonqulni odam o’rnida ko’radi: ilg’or brigadirning kuchi halolu, o’zi, insoniy ehtiyoji, qadr-qimmati harom. Dehqonqul bo’lsa, nafaqat o’lib-tirilib mehnat qiladi, xotini, bolalarini ham ishlashga, kolxoz uchun jon berib, jon olishga undaydi. Ustiga-ustak, kattalar soyasiga salom beradi. Uyiga kattalar mehmon bo’lib kelishini eshitgan Dehqon¬qul anvoyi noz-ne’matlar xarid qilib keladi. Bitta xurmoni bolaligiga borib olib qochgan o’g’lini urib, og’zi burnini qonga to’ldiradi. Mana shu o’rinlarda Dehqonqul xuddi Chingiz Aytmatov romanida tasvirlangan manqurtning baayni o’zi bo’lib ketadi. Darvoqe, sho’ro imperiyasi o’ziga xos manqurtlarni yaratdi. Dehqonqullar sho’ro davlatida mehnat qildilar, tobe bo’ldilar, erkin inson ekanliklarini unutdilar. Dehqonqul — o’zbek adabiyotidagi fojeiy xarakterlardan biri.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:54:26
Kim u so’zlayotgan?

Mablag’ topishmas, uni sarflash qiyin, deydi donolar. Bolani boqishmas, uni tarbiyalash mushkul, deydi kayvonilar. Material yig’ish, uni qalbda yetishtirish, qahramonlarga joziba ato qilish ham mushkul, ammo uni ta’sirchan, qiziqarli so’zlab berish eng qiyin yumush, deydilar mohir san’atkorlar. Kitobxon ko’pincha voqealardan ogoh bo’ladi, qahramonlar xatti-harakatini kuzatadi, fe’l-atvorini o’rganadi. Lekin ko’pchilik asar kim tomonidan, qanday so’zlab berilayotganiga e’tibor bermaydi. Tog’ay Murod asarlarida hikoya qilish san’ati shu qadar yuksakki, kitobxon so’zlovchi, hikoya-chi kim degan savolga beixtiyor javob axtaradi. «Ot kishnagan oqshom», «Otamdan qolgan dalalar»da hikoya qahramon tilidan olib boriladi. Lekin Ziyodulla, Dehqonqul hikoyasini boshqarib turgan bir estetik vosita — kuch borki, uni roviy obrazi deyish joiz. Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi», «Oydinda yurgan odamlar», «Qo’shiq» asarlari roviy tomonidan hikoya qilinadi.
E’tibor bering, roviy so’zlayapti:
«Xumor momoga kun tug’di,
Yolg’iz o’g’il askardan kelar bo’ldi.
Ostonadan suyunchixo’r arimadi».
(«Qo’shiq» qissasining boshlanishi).
«— Quloq sol, momosi, quloq sol. Qaerdandir odam ovozi kel¬yapti...
Sayrak adirda yonboshlab yotmish bobomiz momomizga shunday dedilar».
(«Oydinda yurgan odamlar» qissasining ilk jumlalari).
«Egar qoshiga to’n solib olmish jarchi guzarma-guzar ot o’ynatdi. Xo’jasoat qishlog’i ahlini to’yga chorladi». («Yulduzlar mangu yonadi»dagi roviyning ilk ma’lumoti).
«Tagi ko’rmaganga gilam bitmasin.
Qodir qulni chevarasi, Xolmat malayni nevarasi, Eson xizmatkorni bolasi Botir qo’shchi tumandan aynib keldi» («Bu dunyo¬da o’lib bo’lmaydi»ning ilk jumlalari).
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:55:02
Badiiy asarda hamisha roviy obrazi bo’lgan. Lekin adabiyotshunoslik, tanqidchilik nasrdagi hikoyachini yozuvchining o’zi, lirik she’rdagi «men»ni shoirning shaxsi deyishga odatlanib qolgan. Faqat sahna asarida yozuvchi ko’rinmaydi, deyilardi. So’nggi yillarda dramatik asarlarda roviy bot-bot ko’rinadigan bo’lib qoldi. Roviy — badiiy asardagi yollanma poetik-estetik vosita, kuch, obraz. Xalqda g’alati bir naql bor: «Kaliti menda, kasmaldagi senda». Ya’ni inon-ixtiyor menda, ijrochilik, ma’lum yumushni bajarish vazifasi senda. Adabiy kechalarda keksa shoirlar lirik she’r o’qishdan oldin izoh beradilar:
— Ko’rib turibsiz, qarib qoldik. O’ldim-kuydim, deb she’r yozish bizga yarashmaydi. Men lirik she’rlarimda sizlarni — yosh do’stlarimni nazarda tutdim.
Aslida, lirik she’rdagi «men» hamisha roviy bo’lgan, shoirning o’zi emas. Roviy obrazi o’zbek adabiyotida doimo bo’lgan. Lekin 80-yillardan boshlab roviy obraziga yozuvchilar alohida e’tibor bera boshladilar.
Nazarimda, «Lolazor»ni ma’lumu mashhur qilgan kuch — roviy. Murod Muhammad Do’st romanidagi roviy, misoli mohir aktyor. U roman davomida ajoyib bir rolni ijro etadi. Asardagi Nazar Yaxshiboev, Do’st, Shogirdlar roviy aktyor tomonidan ko’rilgan, ko’rsatilgan tiplar. Erkin A’zam asarlarida roviy qiyofasi aniq-tiniq ko’rinadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:55:13
Menga shunday tuyuladiki, Erkin A’zam o’z asarlariga roviy nuqtai nazaridan g’alati-g’alati nomlar qo’yadi. Tog’ay Murod asarlaridagi roviyda xalqchillik, folklorga moyillik, sururiylik, lirik mayl ustunlik qiladi. Roviyning ikki vazifasi aniq ko’rinib turadi: birinchidan, u asar poetikasida o’zining muqim o’rniga ega. Ikkinchidan, roviy estetik vosita. U hamisha, har qachon, har qaerda kitobxon bilan til topishadi. U kelajakdagi kitobxonga ham, chet ellik kitobsevarga ham jon-jahdi bilan o’zining «asarini» ma’qullashga intiladi. Roviy shunday haq-huquqqa egaki, u zamon zayli, kitobxon didi, nuqtai nazaridan kelib chiqib ba’zi voqea-hodisalarni xaspo’shlab ham yuborishi mumkin.
Roviy — yozuvchi qarashlarining ifodachisi. Ayni vaqtda, roviydagi topqirlik, obraz sifatidagi betakrorlik yozuvchiga kuch-quvvat, ilhom beradi. Yozuvchi esa hisob-kitobni — kompozitsiyadagi izchillikni, strukturadagi tartibli tarkibni bosh¬qarib boradi. Xullas, roviy badiiy asardagi zaruriy vosita, badiiy-estetik kuch. Haqiqiy san’atkor voqea-hodisalarni roviy tushunchalari, didi, ta’sirchanligiga moslab tanlaydi, ifodalaydi.
Tog’ay Murod bitta, lekin uning har bir asarida o’ziga xos roviy bor. Shunday bo’lsa kerakki, yozuvchi uslubi bor, har bir asarning o’z yo’sini ham bor deyiladi. Asardagi uslublar yozuvchi uslubiga tezda uyusha qoladi. Sirtdan qaraganda, «Yulduzlar mangu yonadi», «Oydinda yurgan odamlar»dagi lirik uslub roviy obrazida ham seziladi. Boshqacha aytganda, roviy ham, uslub ham oy nuriday muloyim, mayin.
Qisqasi, yozuvchi — uslub — roviy tushunchalari aro uzviy, botiniy bog’liqlik mavjud.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:55:44
Yulduzlar mangu yonadi

Ko’kda yulduz uchdi: yuzimga fotiha tortdim. Uchgan yulduz Tog’ay Murod hayotini olib ketganini bilgach, yuragim ezildi. Xayol uchqur-da: o’lim xabarini eshitganda Bo’ri polvon zo’r kurashga bakovullik qilayotgandi. Bir zum qotib qoldi:
— Attang, chakki bo’libdi...
Olishayotgan polvonlar bir-birlarining yelkalariga ma’yus bosh qo’yishdi. Ziyodulla kal yugura kelib otiga mindi, izillab yig’laganicha otini choptirib ketdi. Qoplon bobo, Oymomo momo bir zumda cho’kib qolishdi:
— Bolam-a... bolam-a... Bizlarga farzandlik qiluvding-a... Kitob qilib yozuvding-a...
Dehqonqul xotinining kuyib ketganiga, bolalarining bo’zlab qolganiga chidagan edi. Tog’ay Muroddan ayrilgach, o’zini qo’yarga joy topolmadi. Toshkentga shoshildi. Janozada qatnashdi. Chig’atoy qabristonini hamma tark etgach, Tog’ayning tog’day qabri poyiga cho’kkaladi, onasidan o’rgangan oyatlarni bilganicha takrorladi: oyat so’zlari ko’z yoshi bo’lib, yangi qabr tuprog’ini ho’llay boshladi.
Tog’ay Murod o’zbek yurtining tog’u toshlarini, qir-adirlarini, daryoyu ko’llarini, ob-havosini yurakdan his qilardi. Bahorning so’nggi kunlari chaqmoqli, guldurakli, yog’in-sochinli keldi. Ona tabiat zinda farzandining o’limini oldindan sezganmidi?!
Tog’ay Murod adabiyotga dangal kirib keldi. Shartta burildi-yu, hayotdan ketdi-qoldi. Undan o’n-o’n besh kichik asar, to’rt qissa, ikki roman, nari borsa, to’rt jildga jo bo’larlik meros qoldi. Ammo yozuvchi asarlari ruhini, ulardagi o’zbekona g’urur, surur, qat’iyat, oriyat, jo’mardlikni jo-bajo qiladigan hajmni topish mushkul. Tog’ay Murod o’tda yonmas, suvda cho’kmas asarlar, yuragida yoli bor qahramonlar timsolini yaratdiki, ular hamisha, har qaerda, har qanday sharoitda o’zbekning o’zligini namoyon etaveradi.
U o’ziga xos misoli tog’ so’qmog’iday murakkab va mukammal uslub yarata oldi. Unga hamisha sergaklanib, ehtiyotkorlik bilan odim tashlash joiz. Aks holda «farg’onachi» so’zi oyoqqa tikanday sanchilishi, Bolxin momoning miltiqning o’qiday so’zlari kishini yaralab qo’yishi, Dehqonqulning jo’yali, mantiqli fikr-mulohazalari odamni kalovlatib yuborishi, Ziyodulla kalning oddiy shumliklari zamiridagi zil-zambil haqiqatlar kishini chuqur o’yga toldirishi hech gap emas.
Ko’kda yulduz uchdi. Yulduzning uchishi — so’nishi emas. Tog’ay Murodning ko’kdagi yulduzi mudom uchaveradi. U ulug’ ustozlar yulduzlariga yaqinlashganida ham harakatlanaveradi. Tog’ay Murod yulduzi mangu yonadi.
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:56:28
NURISLOM  TO’XLIEV

ARMON

 O’sha paytlar nufuzli hisoblangan idorada ishlardim. Birov telefonda bir necha daqiqaga qabul qilishimni so’radi. U men sirtdan yaxshi bilgan, saksoninchi yillarda qo’ldan-qo’lga o’taverib, jildlari titilib ketadigan, bahsu munozaralarga sazovor bo’ladigan asarlar muallifi Tog’ay Murod edi.
Uning «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» kabi qissalari va hikoyalarini miriqib o’qigandim. Ayniqsa, «Ot kishnagan oqshom»dagi Tarlon laqabli otning jonli, serjilva tasvirlaridan behad ta’sirlangan edim. Adib ot obrazini shu qadar hayajon va mehr bilan, ishonarli   qilib   yozganki, beixtiyor Tolstoy  asaridagi Xolstomer,  Aytmatovning   Gulsarisi   yodingizga   keladi. O’shanda o’zimizda  ham aytmatovlar yetishib chiqyapti ekan, deb ko’nglim g’ururga to’lgan edi.
 Darhaqiqat, u tasvirda hassos rassom, so’zlarning ohangini teran anglab, hatto qahramonlarining kipriklari jarangini ham his etib, qog’ozga tushira olishda go’yoki bastakor, benazir adib edi.
U shirali ovozi bilan baralla, goh yonib, goh o’rtanib, ba’zan faryod urib, o’quvchilarini ham gohida yondirib, gohida sevdirib yurgan qilichday yozuvchi edi. Shu bois, uning o’zi qo’ng’iroq qilib, uchrashuvga izn so’rayotganidan quvondim.
Oradan ko’p o’tmay, xona eshigini iymanibgina ochib, polvon kelbatli, odmi kiyingan, to’porigina ko’rinishli (unday deyishga tiling bormaydi, aslida benihoya nozik didli) yigit kirib keldi.
Suhbat asnosida u dabdurustdan:
— Aka, ayting-chi, nima uchun meni bu idoraga yo’qlab qolishdi? — deb so’radi. — Oddiy bir yozuvchi bo’lsam, boshqalar bilan, siyosat bilan ishim bo’lmasa, mendan nimani so’rashlari mumkin? Men bu vaziyatda o’zimni qanday tutishim kerak?
— Bu yerga har qanday odamni ham chaqiraverishmaydi. Balki asarlaringiz yoqib qolgandir, balki biror tilak, istak bildirish uchun yaxshi maqsadda taklif qilishgandir. Avvalo, yaxshi niyat qiling, — deb biroz dalda berganday bo’ldim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:56:43
Biz qisqa, ammo iliq, samimiy suhbatlashdik. Xonaga  ruhsiz kirgan  yigit  ko’ngli  ko’tarilib,  polvonlarga  xos  gavdasiga yarashgan chaqqonlik bilan chiqib ketdi.
Oradan ancha vaqt o’tib, akam yaxshi maslahatlar berib, dalda bo’lib, katta yaxshilik qildi-da, deb meni alqaganini eshitdim. Keyinchalik ham yana bir necha kishiga shunday gap aytgani qulog’imga chalindi.
Balki u o’sha vaqtda menga o’xshagan, uni tushunishga harakat qiladigan maslakdosh aka, iniga juda ehtiyoj sezgandir. Sababi, u ko’pchilik talant egalari kabi yolg’iz, hamma bilan ham birpasda kirishib ketishi qiyin xarakterga ega inson edi.
Yillar oqib o’tdi. Tog’ay Murod katta yozuvchi bo’lib, elga tanildi. Yuksak unvonlarga musharraf bo’ldi. Uning «Otamdan qolgan dalalar» romani juda ko’p shov-shuvlarga sabab bo’lib, adibga shon-shuhrat keltirdi. Bu asar asosida Shuhrat Abbosov kinofilm yaratdi.
Men uning ijodini kuzatib borar, e’lon qilgan har bir asarini o’qir edim. Uning yil sayin asardan asarga o’sib, ulg’ayib, qalami charxlanib borayotganidan quvonar, adib bilan uchrashib, dildan suhbat qurishni istardim. Adibning asarlarini o’qib, yurak qoni bilan yozib, mahorat ila tasvirlagan obrazlaridan ta’sirlanib, iztirobga to’lib-toshgan, ko’zidan duv-duv yosh to’kkan muxlislarini ko’rganman.
Yozuvchining qahramonlari dardli, bu armonli dunyoga sig’maganday edi go’yo. Biroq Tog’ay Murod asarlarining kuchi va jozibasi ham shundaki, uni o’qiganingizdan keyin hayotdan bezmaysiz, balki unga yanada mehrli-muhabbatli bo’lasiz. Taqdir zarbalari oldida bosh egmaysiz, aksincha, o’zingizni irodali, matonatli deb his qila boshlaysiz. Men nima uchundir uning qahramonlarini taniganday bo’lardim, qishlog’imizdagi men ko’rib-uchratib yurgan kishilarga o’xshatardim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:56:53
Doimo Tog’ay Murod bilan ko’rishish, suhbatlashishni o’ylab yurardim. Unda ham shunga ehtiyoj borligini bilardim. Ammo aksariyat katta iste’dodlar kabi Tog’ay Murod ham ko’p yashamadi. Bizni iztirobga solib, yolg’onchi dunyoning g’avg’olariga istehzoli jilmayib, do’stlari, muxlislarini armonga qo’yib, chin dunyoga ketdi.
Adibning janozasiga borar ekanmiz, shu kabi o’ylar xayolimdan  kechdi. U bilan biror marta ham tuzukroq suhbatlasha olmaganimdan, uning asarlaridan   olgan   hayajonlarimni   aytib,   unga  siz   zo’r   yozuvchisiz, xalqimizning faxrisiz, deb ayta olmaganimdan juda o’kindim.
Uning iztirobli kunlarida ma’naviy ko’mak, madad va dalda bera olmaganimdan cheksiz afsuslandim.
Insonning tabiati qiziq ekan! Go’yoki ikki asr yashaydigandek, ba’zida xayrli yumushlarni orqaga surib, bu ishni ertaga yoki indinga qilarman, bugun juda bandman deb, gohida ikkinchi darajali yumushlar og’ushida yurarkanmiz. Biroq ma’nan yaqin, o’zi yoqtirgan odamini yo’qotganida, kecha nega unga yaxshilik qila olmadim, nega uni tirikligida ardoqlay olmadim, deya nadomatlar chekar ekansiz.
Shoir bilib yozgan ekan: «Ketdi do’stlar, top oyog’in gardini», deb...
Tog’ay Muroddan menga shunday mahzun va yorqin xotiralar qolgan...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:58:19
MAHMUD  SA’DIY

U — HAMON SAHNADA

Tog’ay Murod asl yozuvchi sifatida o’zining ilk qissasi «Yulduzlar mangu yonadi» bilan elga tanildi.  Qissa birdan jamoatchilikni hayratga soldi. To’g’ri, uning keyingi «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalari  birinchisidan yuksakroq tursa-da, lekin Tog’ayning bu asarini xalq boshqacha qabul qildi. Nazarimda, kitobxonlar ana shunday yangi,  ilhom bilan yozilgan ko’tarinki, xalq ruhiyatidagi asarga ehtiyoj sezayotgan edi. O’sha kezlar men  «Guliston» jurnalida ishlardim. Bir necha adabiyotshunoslarga Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi to’g’risida taqriz yozishni taklif etdim. Bilasizmi, hech qaysi tanqidchi  asar xususida jo’yali bir gap ayta olmadi. Chunki bu qissa boshqacha yondashishni taqozo etardi. To’g’risini aytishim kerak, Tog’ayning ilk qissasi adabiy jamoatchilikni-da esankiratib qo’ydi. Ko’plar  asar tahliliga qo’l urolmadilar. Bu hodisaning o’zi, ana shu fakt adabiyotda yangilik, mutlaqo yangi asar paydo bo’lganidan dalolat berardi. Yaqinda bir maqolada qiziq  fikrni uchratib qoldim. «Adabiyotda yangilik yaratish uchun avvalo tafakkurda, tushunchada  yangilik bo’lmog’i lozim»,   deydi muallif. Shundan kelib chiqib, Tog’ay Murod asarlarida ham yangicha qarashlar borligini ta’kidlash mumkin. Tog’ay o’zining ilk qissasidayoq yuragidagi orzulari, armonlari  xalqning orzu-armonlariga esh bo’lib ketganligini namoyon qilgan. Yodingizda bo’lsa,  «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida shunday gap bor: «"¦dunyodagi ko’pgina xalqlar o’zlarining hech bo’lmaganda bitta sportini jahon miqyosiga ko’targan. Bizdan esa jahonga ko’tarilgan bittayam sport turi yo’q.
— Bu o’zimizga bog’liq» (77-bet).
Bu o’rinda gap milliy kurashimizning xalqaro olimpiada musobaqalariga kiritilishidagina emas. Gap hamma xalqning, jumladan, o’zbek xalqining ham jahonda o’z o’rniga, mavqeiga ega  bo’lishi haqida. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasiga yozilgan taqdim so’zi — annotatsiyada asarga «kurash haqidagi kitob» qabilida ta’rif berilgan. Yo’q, bu asar faqatgina kurash haqida emas, insonning ori haqidagi kitob. Insonning g’ururi, insonning  nimalarga qodirligi haqida yozilgan mardona kitobdir. Asarda ifodalangan ana shu tuyg’ularning  bari badiiy tasvirlanib, yagona mavzu atrofida mujassamlashtiriladi. Qarang-da, ajoyib holatni: bosh qahramon Bo’ri polvonning o’g’li  Tilovberdi bellashuvda  qatnashib tursa-da, ota o’g’liga yon bosmaydi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:58:32
Bo’ri polvon mardlik qiladi. Dunyo azal-azaldan ezgulik va yovuzlik kurashidan iborat. Ana shu azaliy kurash g’oyasi jahonning taniqli adiblari singari Tog’ay Murod asarlarining ham zamirini tashkil etadi. Tog’ayning nav¬batdagi qissalarini nashr etishda ham men u bilan ko’p birga bo’ldim. U fikrida qat’iy turadigan shaxs sifatida o’zini namoyon qilgan edi. Agar yozuvchining o’zi shaxs bo’lmasa, u yaratgan asarlar ham  biror qiymatga ega bo’lmaydi. Tog’ay Murod asarlari uning shaxsini ko’rsatib turadi. Tog’ay Murod orzulari mamlakatimiz o’z mustaqilligiga ega bo’lgandan keyin ro’yobga chiqmoqda. Mana, milliy kurashimiz jahon sporti  darajasiga ko’tarildi. Badiiy adabiyotning ijtimoiy hayotga ko’rsatgan ta’siriga yaqqol misol bu.
Tog’ay har xil masalalarga o’zicha, o’ziga xos yondashardi. Masalan, muhabbatni olaylik. Atoqli qirg’iz adibi Chingiz Aytmatovning mashhur «Jamila» qissasi yodingizdami? Ana shu qissa, to’g’rirog’i, muhabbatdagi erkinlik talqini G’arb hayotiga juda mos kelgan. Taniqli frantsuz yozuvchisi Lui Aragon bu asarni frantsuzchada chop eta turib, «Muhabbat haqidagi eng buyuk qissa», deb ta’rif bergan. Albatta, Lui Aragonning gapida jon bor. G’arb tushunchasiga ko’ra, Jamilaning muhabbati, uning baxt¬ga erishishdagi harakatlari olqishlanadi. Lekin Sharqda esa aksincha, bu hol oqlanmaydi. Shu singari «Jamila» qissasi Qirg’izistonda og’riq bilan qabul qilingan. Lekin  Jamilaning o’z baxti, muhabbati yo’lidagi harakatlarini qoralab bo’lmaydi. Shunga qaramay, Sharq baribir Sharq-da!
Tog’ay Murod asarlarida esa muhabbat talqini boshqacharoq. Unda muhabbat o’z xalqi ruhiyatidan, qalbidan kelib chiqadi. «Oydinda yurgan odamlar» qissasini yodga oling-chi. Asarda tasvirlangan muhabbat — juda buyuk muhabbat. Jahon ma’naviyati tarixiga nazar solaylik: qaerdaki axloqsizlik bo’lsa, axloq buzilsa, o’sha yerda ma’naviyat tanazzulga yuz tutadi. Tog’ay Murod asarlari esa odamlarni pokiza, axloqli bo’lib yashashga undaydi. 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 12:58:45
Ushbu qissa  qahramonlari  Oymomo bilan Qoplon farzandlari bo’lmasa-da, bir-birlarini sevib ardoqlab, e’zozlab yashaydilar. Dunyoda yashashdan maqsad nima? Avvalo, kishining o’z suyanadigan   tayanchi — dardkash odami bo’lishi kerak. O’zbek tilida ikki bir-biriga yaqin so’z bor: suyanish va suyalish. Dunyoda suyanish mumkin bo’lgan odamlar ko’p, ammo suyalish mumkin bo’lganlari kam.  Hammaga suyanish mumkin: suyanib turgan kishingni yo’qotib qo’ysang, yiqilmaysan, o’zingni tutib olasan. Biroq suyalib turgan odaming o’zini sendan olib qochsa, yiqilib chohga tushasan. Oymomo va Qoplon singari odamlarga suyanish ham, suyalish ham mumkin. Ularning farzandlari bo’lmasa-da, bir-birlariga suyanib boshqalarga  o’rnak bo’lib yashaydilar. Dili dardli odamlar ularga hamdard bo’ladilar. Mashrab deydiki, «Dilda darding bo’lmasa, sardaftarimni kavlama».  Dilida dardi bor kishilar Qoplon va Oymomoning muhabbat  qissasini o’qiganda qalban yuksaladi, o’zligini anglay boshlaydi.
Tog’ay Murodning adabiyotda o’z yo’li bor edi. XX asr o’zbek adabiyoti rivojiga Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Hamza, Abdulla Qahhor, G’afur G’ulom singari Tog’ay Murod ham o’zining katta ulushini qo’shdi. U mumtoz adib sifatida o’z asarlarini tahrir qila olardi. Alisher Navoiy, Pushkin, Gogollar ana shunday bo’lgan.  Bir kuni Turgenevdan so’rabdilar: «O’z asari¬n¬gizga o’zingiz baho bera olasizmi?» Javob shunday bo’libdi: «Yo’q, men Gogolmidimki, o’z asarimga o’zim baho bera olsam».
Haqiqiy yozuvchi o’zini o’zi baholay oladi. Tog’ay Murod ham o’z asarlariga o’zi baho bera olardi. Tog’ay hech bir asariga mukammal deb qaramagan. U qissalarini tinimsiz tahrir qilar edi. Tahrir qilganda ham yaxshi tomonga o’zgartirgan. Odatda, badiiy asardagi har qanday tahrir kitobxonga ma’qul kelmaydi. Uning ilk taassurotlarini chalkashtirib yuboradi. Tog’ay Murodda esa mana shu nuqson uchramaydi. Agar Tog’ay hayot bo’lganida asarlari tahriri ustida hali ko’p ishlardi. Bizga yanada mukammal badiiy asarlar taqdim qilar edi...
Ha, u ana shunday buyuk yozuvchimiz edi.  Nazarimda, Tog’ay sira o’lgan emasday, oramizda yashayotganday. Aslida ham shunday, u bizning oramizda, u aslo o’lgan emas.
Tog’ay Murod hamon sahnada!
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:00:49
HALIMA XUDOYBERDIEVA

TOG’AY  MUROD  DEGANI — TOG’DAY
MUROD  DEGANI...

Bismillahir rohmanir rohiym.   
Tog’ay Murod — faqat ijodkor, yozuvchigina emas, o’tmishni chuqur biladigan o’tkir ko’zli tarixchi hamdir. Chunki uning asarlarini qo’ldan qo’ymay o’qimoqdalar, o’qish barobarida o’zlarining kimliklarini chuqurroq bilmoqdalar, o’z ildizlarini topmoqdalar, chuqurroq insoniylashmoqdalar.
Tog’ay Murod haqida Jasur Kengboev mana bunday yozadi:         
«Nihoyat bir kuni  Tog’ay Murod degan adibning «Otamdan qolgan dalalar»ini ko’rib qoldim. Sotib oldim. Romanni o’qib oromimni yo’qotdim.
Xalqimizning sovet tuzumi siyosati yuritgan paytidagi nochor, xo’rlangan turmushi, «baxtli hayoti» haqida tarix kitob¬laridan o’qigandim.
Ammo... bu darajada ta’sirlanmagan ekanman. Xalqimiz, millatimiz boshiga ne-ne qora kunlar tushgani, men tengi bolalar, o’quvchilar ilk qadamini maktabdan emas, paxta dalalaridan boshlagani, juda ko’p ayollar, onalarimiz asardagi Ziyod oshnamning onasi singari dalalarda «Paxta urib ketgan bolam-ay», deya faryod chekib o’tganini bilib oldim. Bir so’z bilan aytsam, men shu roman orqali kimligimni tushunib yetdim! Ota-bobom kim ekanini bildim!».
Shu o’rinda mashhur amerika adibi Ernest Xemengueyning «Katta yozuvchi bo’lish uchun xudo bergan 99 foiz  iste’dod bilan birgalikda ijodkor og’ir bolalikni boshidan kechirgan bo’lishi kerak», degan nihoyatda to’g’ri xulosasini keltirishni istardim. Biz istaymizmi-yo’qmi, asarning asosida ijodkorning boshidan o’tgan voqealar yotadi. Aynan bo’lmasa-da, voqealar ba’zan to’ldirilishi, umumlashtirilishi mumkin. Ammo asos yozuvchining o’z kechinmalari bo’lmasa asarlar bu qadar tabiiy chiqmas edi.
Tog’ay  shunday  katta muammolarni,  dardlarni  qog’ozga tushiribdimi, demak, undan kattaroqlarini o’z boshidan, o’z qalbidan o’tkazgan. Tog’ay, yurakda shuncha zil-zambil yuklarni ko’tarib, mayin jilmayib yurishga qaerdan kuch topardingiz, do’stim!
Tog’ay Murod bilan yoshlarimiz yaqin emasmi, boshdan kechgan voqealarni ham o’xshashligini qarang. Mening onam Sharofat Xonnazar qizi o’ttiz besh yoshida, paxta dalasida o’qariqdagi dorilangan suvdan ichib qo’yib vafot etganlar. Men  o’n besh yillar oldin yozgan «Enamning aytganlari» she’rim  ana shu boshimizga tushgan musibatli kunlar haqida edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:02:29
Enamning aytganlari

 Hayot qiyin hayot edi, o’ bolam-a,
Onang tili novvot edi, o’ bolam-a.
Tiriklikning bor yuklari yelkasida
Onang ayol, ham ot edi, o’  bolam-a.

Sizlar uning bolasiga o’xshamaysiz,
Sochining bir tolasiga o’xshamaysiz.
Azalarda hiqillashdan nari o’tmay
Uning yo’qlov, nolasiga o’xshamaysiz.

O’rish, arqoq yigirmoqqa qo’lingiz yo’q,
G’amni baxtga o’girmoqqa tilingiz yo’q.
Bazmlarda balo bormi sipolikka —
Nahot baxtdan tars yorilgich dilingiz yo’q?
 
Onang yursa quvontirib yurdi yerni,
Hamroh emas, panohim deb o’tdi erni.
Bir kuz... quv-quv... ko’p yo’taldi, rentgenchilar
Gullab ketgan o’pkasining rasmin berdi.

Qushmidi-ey, yashirdi-ya uchganini,
Ko’chib ketdi ko’rsatmasdan ko’chganini.
Kuyib ketdim, eshitganda, o’zi bilmay
O’qariqdan dorili suv ichganini!

Dil ovlashda mergan bolam, o’ bolam-a,
Dorilarga bergan bolam, o’ bolam-a.
Ul go’shani supuribmi turmoq uchun
Mendan oldin borgan bolam, o’ bolam-a...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:02:46
Biz moziyda, yaqin o’tmishda boshidan katta talofatli kunlarni o’tkazgan jafokash xalqmiz. Bu kunlar qaytib kelmasligi uchun ular haqida so’zlab, yozib avlodlarga eslatib turish kerak. Tog’ay Murod mana shu ma’noda  qulochni katta yozdi. Qadamni katta qo’ydi. Bu kunlar yoddan chiqmasligi, qaytarilmasligi uchun daho shoirimiz Shavkat Rahmon aytganidek, millatga  Tog’ay Murodday «yuzlab ovozi toshlarni yorar kuychilar kerak».
Shunday kuychilarning biri, ehtimolki, shu saf sardorlaridan biri sifatida u o’zining suyukli xalqi oldidagi mas’ul burchini mardona ado etib ketdi.
1977 yil... Men   Moskvadan  ta’tilga  kelganimda  uni  juda  dilkash  qiyofada uchratdim. Respublika Radio binosining oldida uch-to’rt o’rtoqlari bilan chaqchaqlashib turgan ekan.
— Mana shu barmoqlar bilan bitilgan satrlaringizni, — dedi u qo’limni o’pib kitobini ochib ko’rsatarkan, — kitobimizga kiritdik.
 Haqiqatan ham, Tog’ay mening:
 
Bobolarim birin-ketin suyak surib o’tgan yer,
Momolarim sochlarini qirqta o’rib o’tgan yer,
 
satrlarim bilan  boshlangan  she’rimni  yangi «Oydinda yurgan odamlar» qissasiga kiritgan ekan.    
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:02:58
Tog’ay Murod degani — tog’day murod degani,   Ketganligin xabari — fig’on, faryod degani,
Kelganida odamday quvongan, ketganida —
Odamdan baland uvvos ko’targan ot degani.

Birovlarning dunyodan o’tganini ba’zan odamlar sezmay ham qoladilar. Tog’ay o’tganda esa... bir-biriga suyib dildorlik qilayotgan oshiq-ma’shuqlarning ko’zlariga yosh to’ldi! Chap berib bir-birlarining yelkalarini yerga tekkizolmayotgan polvonlar holsizlanib, mung’ayishdi, qadlarini yerdan arang ko’tarishdi. Otlar, ayniqsa Tog’ay yaxshi ko’radigan Tarlonlar bir-birlarining bo’yinlariga boshlarini osiltirib, mo’lt-mo’lt ko’zyosh  to’kaverdilar.Uzoq siqtab-siqtab yig’ladilar... Tog’ay-ey, do’stim, Sizday dunyoni boshqacha erkalaydigan, boshqacha suyadigan odamlar ham bexosdan dunyoni armonda qoldirib o’tib ketaverar ekanda-a. Bunday vaqtda qolganlar nima ish qiladi? Qolganlar ham dog’da qolganlarini birdan tushunib odamlarga qo’shilib, otlarga qo’shilib, siqtab-siqtab yig’layveradi, yig’layveradi... to sokin tortib, o’zlariga kelib olguncha.
Odamlar-ov, ketar chog’da yuraklarni larzaga solib, bor dunyo¬ni yig’latib ketish ham hammaning qo’lidan keladigan ish emas. Demak, Tog’ayda bizning ko’pchiligimizda yo’q nimadir bor edi-da...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:03:38
OMON  MUXTOR

OROLI BOR ODAMLAR

Gapni bir tanishimdan boshlay.
Tanish ham emas, qadrdon. Quchoqlashib ko’rishadigan. «Tanish» deganimga sabab, yillar bo’yi taqdir taqozosi bilan  bir davrada yurib, ilk qarashda aka-ukaga aylanib ketganmiz-u, lekin oramizda sirdoshlik, dardkashlik yo’q. Ikkimizni ham odamlar «yozuvchi», deyishadi. Shuning barobarida, bizda maslak, adabiyotga, demakki, hayotga ham qarash har xil ekanligidan, munosabatlarimiz oradagi qulatish qiyin bo’lgan devor ustidan bir-biriga  qo’l cho’zib turgandek holatni eslatadi.
Adabiyot — uning uchun  har qanday odam eplab ketadigan oddiy kasbi kor va  yana  shuhrat,   mansab, manfaat maydoni! U iloji boricha tez, ko’p, katta kitoblar chiqarib, atrofdagilarni tirsagi bilan orqaga surgancha, mana, men adabiyotni gullat-yapman, deyishni yozuvchilik deb biladi. Odamning yuzi issiq. Unga adabiyot — zahmat, azob, gohi bir so’z topolmay ovoralik, Xudo avvaldan bergan «dard» ekanini aytolmaysan. Buni aytgan taqdiringda ham u tushunmaydi, aksincha sen maqtanayotganga  o’xshab  qolasan.
Yashirib nima qildik, hozir, ayniqsa, fikr erkinligidan, ba’zan «qo’li uzun» bo’lganligidan foydalanib, bunday «o’zini adabiyotga urganlar» soni oldingidan kamida o’n hissa oshib ketdi. Bir kunlar adabiyot ostonasiga yaqin yo’lay olmagan kishilar bu kun to’rga o’tib o’tiribdi. Markazdami, viloyatdami bosilgan «usta ko’rmagan shogird»larning  g’ishtdek kitoblari shahar-qishloq bo’ylab aylanib yuribdi. Mohir bir ijodkor «Saylanma» tuzishga botinmaydi. Bularning qo’lida «Saylanma»  ham tayyor. Barakalla, deb ketaverish mumkin edi-ku, uyat degan tuyg’u kamligini o’ylab ezilasan.
Yozuvchilik — eng avval, hayot oldida javobgarlik. Bobokalonlarimiz Mahmud Koshg’ariydan tortib, Alisher Navoiygacha «so’z sharafi» haqida kuyunib yozganlari ma’lum. Navoiy kabi Ulug’ Zot umri oxirigacha o’z yozganlarini qayta-qayta ko’rib chiqqanini bilsangiz kerak. U bir tunda falon satr yozgan she’rbozga kulib, tanbeh  berganini ham bilasiz. Ustoz Oybek yozuvchi degan nom yuksakligini  o’z hayotida isbotlagan edi. Yana bir ustoz Abdulla Kahhor so’z bobida o’zini ham, boshqalarni ham ayamas edi. Keyingi avloddan Asqad Muxtor hatto «Men yozuvchiman, deyish noqulay. Hurmatga loyiq, yaxshi odamman degandek eshitiladi!» mazmunidagi gapni ba’zan ta’kidlar edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:04:04
* * *

Tog’ay Murodni eslab, shularning bari xayolimdan kechdi. O’ylab ko’rsam, ukam Tog’ay Murod mendan yetti yosh kichik ekan. Ustozlar, akalar, tengdoshlardan  ham ko’ra ko’proq, ukalarni yo’qotish og’ir. Asqar  Qosim, Tilak Jo’ra, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf...
Tog’ay Murod dastlabki hikoyalarini yozib, hali Mengnorov deb to’liq ismi sharifini keltirgan paytda menga tanish edi. U kam  hikoya yozgan, ammo yozganlarini  qo’lyozmada ham, matbuotda ham o’qiganman: o’shanda uch-to’rt yil bir joyda — u bilan O’zbekiston Davlat radiosida ishlaganmiz. Keyinchalik uni, qissalari, romanlari bilan shuhrat qozona boshlagach,  ko’p emas, ahyon-ahyon ko’cha-ko’yda uchratganman, xolos. Tog’ay Murod davralardan o’zini tortar, odam to’plangan joyni xush ko’rmasligi odati sezilar, shundan uni ko’p ham uchratib bo’lmasdi — tabiatan sal «yovvoyi», to’g’rirog’i, u o’z OROLI BOR odamlardan va shu OROLda osoyishta yashashni baxt, deb bilgan ADIBlardan edi. Birov majlislarda javlon urib, nutq irod qilsin — bemalol, Tog’ay Murod zerikar va aksar o’zini qanday tutishni ham bilmagandek holatga tushar edi. Men uning qiyofasida muhim belgi nima ekanligini o’ylaganman. Uning yuz-ko’zida qishloqdan shaharga kelib qolgan DYeHQONga xos — o’zidan va atrofdagilardan bir oz xijolat chekayotgandek holat muhrlangan edi! U qahramonlaridan birini Dehqonqul deb atagani, mehr bilan tasvirlagani bejiz emas. Katta davralarda halovat topmasligi ham, yolg’iz o’y surishga va yolg’iz suhbatga uning moyilligi ham «dehqoncha» edi. Tog’ay shaharda yashab ¬ZIYoLIga,  adibga aylangan, biroq «ichida» DYeHQON bo’lib qolavergan edi!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:04:14
O’sha, ko’cha-ko’yda ko’rishganimizda, xilvat bir go’shada ikki-uch soat suhbatlashib o’tirgan paytlarimiz bo’lgan. Shunda uning dala, yer haqida yozganlari shunchaki mavzu tanlash emasligi, butun hayoti, tabiati bilan bog’liq, DALAda yolg’izlikka o’rgangan! Ko’p so’zlamaydi va so’zining o’ziga ehtiyoj ham sezmaydi. Asosan, xayol suradi! Goh-goh nimadir xirgoyi qiladi. Lekin mana shu «xirgoyi»da uning bor so’zi, dardi hasrati aks etadi...
Tog’ay Murod qachonlardir, deylik, yoshligida, she’r yozganmi, eshitmaganman. Kuzatganim, uning nasrida she’riy ruh, qo’shiqmi, kuymi —  birinchi  o’rinda turadi. «Qo’shiq» degan asar yozganining  boisi ham shu! Bu qo’shiq, kuyda goho tovush bo’g’ilganimi, qo’l titrab, tor maromida chertilmay qolganimi singari holatlar uchraydi. Bu — tabiiy va biz bunga ahamiyat bermaymiz, yaxlit bir «xirgoyi»dan hayajonlanib, beixtiyor zavqlanamiz, xolos.
Ana, Tog’ay Murod hayotidan keyin ham, ona yurt, bepoyon dalalar ustida UNGA XOS qo’shiq, kuy yangrab turibdi. Va men, uzoq zamonlar bu qo’shiq, bu kuy uning mulki bo’lib yangrab qolaverishiga ko’nglimdan ishonaman...
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:04:54
NOSIR  MUHAMMAD

O’Z XALQIGA HAYKAL  QO’YGAN ADIB

Oilaviy albomimizda bir rangli surat saqlanadi. Unda Tog’ay Murod va Ma’suma Ahmedovaning baxtli daqiqalari muhrlangan. Nikoh oqshomida olingan    bu surat orqasiga Tog’ay Murodning samimiy dil so’zlari bitilgan.   
1984 yili «Guliston» jurnali bo’lim mudiri, rahmatlik Shomurod Siddiqov menga telefon qilib qoldi:
— Shoir, kelmasangiz bo’lmaydi, bir savob ish chiqib qoldi.
Shomurod aka odamlarning boshini qovushtirib yuradigan, to’ylarda kayvonilik qiladigan inson edi. Men esa xorijda ishlab olib kelgan moviyrang «Volga» mashinam bilan hamkasblarning to’y-ma’rakalarida beminnat xizmat qilar edim.
— Tog’ay Murod darvesh uylanadigan  bo’pti,  kelin ham  o’zimizdan, nashriyotda  ishlaydigan Ma’sumaxon,  — dedi  uchrashganimizda Shomurod aka. — Endi birgalikda bir xizmat  qilmasak bo’lmaydi. Axir bu yerda uning hech kimi yo’q.
Men ularning ikkalasini ham yaxshi bilar, Tog’ay Murod bilan universitetda o’qib yurgan paytlari tanishgan edim. Ke¬yinchalik u men mas’ul kotib bo’lgan «Yoshlik» jurnaliga tez-tez kelib turadigan bo’ldi, o’quvchilar tiliga tushgan ilk qissalari bizda bosildi. Ma’sumaxon ham matbuotdagi hikoyalari bilan ijod  ahliga tanilib qolgandi.
Xullas, to’y kuni ham yetib keldi. «Kuyov bola» va jo’ralari bilan Parkentga, Ma’sumaxonning uyiga yo’l oldik. Nikoh marosimlarini o’tkazdik. Shomurod aka boshchiligida shinamgina to’y chiroyli o’tdi. Yarim tunda kelin-kuyov bilan Toshkent¬ga qaytdik. Bu surat o’sha  kunlardan   xotira  bo’lib  qoldi.
Shu voqea sabab bo’ldi-yu, Tog’ay bilan yanada qadrdon bo’lib ketdik. Har safar uchrashganimizda u quchoqlashib ko’rishar, «aka, bormisiz», deya o’zining yangi asarlari, rejalari haqida to’lib-toshib so’zlar edi.
«Otamdan qolgan dalalar» romani ilk bor «Yoshlik» jurnalida bosildi. Mas’ul kotib sifatida uni tsenzuradan o’tkazish uchun anchagina mashaqqat chekdim. Har bir jumla, har bir sahifa uchun «jang» qilishga to’g’ri keldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:05:06
— Aytilgan joylarini tuzatasizlar, bo’lmasa asarni butunlay olib  tashlayman, — deb turib oldi tsenzor.
Romanning ba’zi boblarini «tahrir» qilishga majbur bo’ldik. Tog’ayning o’ziga aytmadik. Chunki janjal chiqib ketsa, asar bosilmay qolardi. Lekin shu holida ham u tezda o’quvchilar tiliga tushdi, Tog’ay Murodning chinakam iqtidorini namoyish qildi.
1994 yil adib uchun omadli keldi. «Sharq» nashriyot-matbaa birlashmasi birin-ketin uning ikkita kitobini chop etdi. Birinchi kitobiga «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalari kirgan edi. Eng muhimi,  oqsoqol adibimiz, O’zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad bu kitobga samimiy, ruhlantiruvchi so’zboshi yozgan edi. Ikkinchi kitobga esa «Otamdan qolgan dalalar» romani kiritilgan bo’lib, unga Tog’ay Murodning o’zi so’ngso’z bitgandi. «Men» deb atalgan bu so’ngso’z kitobxonga yozuvchining mashaqqatli hayot va ijod yo’li haqida ma’lumot beradi, uning qaysar va kurashchan ruhini anglashga ko’maklashadi. Qarang, adib nima deydi: «...Men shu niyat yo’lida (ijod yo’lida — N.M.) imorat solmadim, mashina olmadim, mansab egallamadim, shon-shuhrat qizg’anmadim. Men dunyo talashmadim! Faqat izlandim, faqat o’qidim... Men o’zbek xalqiga haykal qo’yaman!»
U o’z so’zining ustidan chiqdi. Qisqa, ammo mazmunli hayoti davomida yaratgan  yorqin asarlari bilan ham  xalqiga, ham o’ziga haykal qo’yib ketdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:05:19
1998 yili Shuhrat Abbosov boshchiligidagi o’zbek kinochilari Turkiyada mehmon bo’lishdi. O’zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi xodimi sifatida men ham ularga hamrohlik qildim. Istanbulda turkiy davlatlar kinofestivali bo’layotgan edi. Ishtirokchilar orasida jahonga mashhur kinorejissyorlar, aktyorlar, dramaturglar bor edi. Shahardagi yirik kinoteatrlardan birida Shuhrat Abbosov yaratgan va yaqindagina ekranlarga chiqqan 4 seriyali «Otamdan qolgan dalalar» filmi  namoyish etildi. Bir necha soat davom etgan film katta qiziqish bilan tomosha qilindi. Vaqt-vaqti bilan qarsaklar yangrab turdi. Film nihoyasida festival ishtirokchilari va bir necha ming tomoshabin film ijodkorlarini oyoqda turib ol¬qishladi. Afsuski, hay’at tarkibida Tog’ay Murod yo’q edi. «Bu manzarani uning o’zi ko’rganida qanchalar quvonardi», degan fikr o’tdi o’shanda xayolimdan.
Tog’ay Murod o’zbek nasriga yangi ruh, yangi nafas olib kirdi. U o’zbek tilining boy imkoniyatlarini yana bir bor namo¬yish etdi. Hech kimnikiga o’xshamagan uslubi, badiiy tasvir vositalari bilan adabiyotimizda yangi qo’riq ochdi. O’jar, bir so’zli, ijoddan boshqa narsa bilan ishi yo’q bu polvonkelbat yigit ruhan kashfiyotchi edi. U ilk mashqlaridan boshlab o’z yo’lini qidirdi va uni topdi. Adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. Yulduzlar esa, adibning o’z iborasi bilan aytganda, mangu yonadi.
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:06:51
MIRPO’LAT  MIRZO

OQ SALLALI TOG’LAR DUOSI

Stolim ustida Tog’ay Murodning hayotlik paytida nashr etilgan kitoblari. Ular hammasi bo’lib besh-oltita. Do’stimning barcha asarlarini o’qiganman. Mana, qaytadan varaqlab o’tirib, xayolga cho’maman. Yana varaqlayman. Bu safar ularni endi kelajak avlod uchun nechog’lik muhimligini o’zimcha salmoqlab ko’rish ma’nosida ko’zdan kechirgan bo’laman...
XX asr bir jihatdan kommunizm sarobi bilan insoniyat esida qoladigan bo’ldi. Uning g’oyasiga mahliyo bo’lgan yozuvchilar go’yo aldangandek bo’ldilar. Nega shunday bo’ldi? Axir bu umrini ijodga bag’ishlagan bir toifa qalam ahli uchun adolatsizlik emasmi? Yo’q, men buni dangal turib adolatli bo’ldi, degan bo’lar edim. Chunki bunday yozuvchilar hayot haqiqatiga emas, ko’proq g’oyaga xizmat qilgan edilar. Endi haqiqat ulardan o’ch olmoqda.
Tog’ay Murod esa ilk asarlaridan boshlab yuragidagi dardni, xalqimizga xos bo’lgan betakror jihatlarni qalamga olishga intildi. Shu boisdan uning har bir yangi asari adabiyotda shov-shuv bo’ldi. Osonlikcha erishib bo’lmaydigan bu muvaffaqiyatlarning siri nimada edi? Bu haqda adibning o’zi shunday deydi: «Men faqat bir maqsadni ko’zladim: o’ttiz-o’ttiz besh yoshlargacha jahon adabiyotini o’qish. Faqat o’qish, o’qish, o’qish, qo’l qotib qolmasligi uchun mayda-mayda hikoyalar mashq qilib turish...»
Yosh Balzak yozuvchi bo’laman, deya ahd qilgan o’smirlik yillarida Parijdagi bir uy boloxonasini ijaraga olib, ijodga sho’ng’iydi. Keyinchalik ulug’ adib o’sha davrlarni: «Yozishdan toliqqanimda, kechqurunlari boloxona ayvoniga chiqib, tungi chiroqlar ostidagi Parijga tikilardim va pichirlab: «Ey Parij, bir kun seni iste’dodim oldida tiz cho’ktiraman!» —der edim»,  deya xotirlaydi.
Darhaqiqat, yosh ijodkorda o’z iqtidoriga cheksiz ishonch bo’lmasa, adabiyot osmonida yuksakliklarga ko’tarila olishi mumkinmi? Tog’aydagi bu ishonch uning ushbu so’zlarida mujassam edi: «Men Moskvada o’qimadim, men Moskvada o’zbek ziyolilari qayg’usi bilan yashadim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:07:06
—  Men o’zbek xalqiga haykal qo’yaman!»
Uning bu jo’shqin ehtirosi «Otamdan qolgan dalalar» romanini yaratishiga kuch, qanot berdi.
Tog’ay so’zini behuda qog’ozga tushirmaydigan ijodkor edi. Shuning uchun ham uning dil izhorlarida ijodkorlarga xos odatdagi hayajon hovuri emas, balki teran samimiyat ila shaxt bor edi.
Men Tog’ay bilan hamkurs bo’lganman. ToshDUning jurnalis¬tika fakultetida birga tahsil olganmiz. Hammasidan ham o’qishga kirgan yilimiz yaxshi esimda qolgan. O’sha yili bir-ikki oy o’qiganimizdan keyin domlamiz Muxtor Xudoyqulov «Men nima uchun jurnalistika sohasini tanladim?» mavzusida dilimizdagi gaplarni yozib kelishimizni tayinladilar.
Hamma o’z bilganini qog’ozga tushirgandi o’shanda. Muxtor aka har birimizning dil bayonimiz bilan tanishib, ayrimlarimizning yozganlarimizdan ifodali o’qib berib, ijodiy qobiliyatlarimiz haqida iliq fikrlarini bildirgandilar. Tog’ayning inshosidagi shunday jumlalar esimda qolgan: «Men o’rta maktabni tugatgach, bilimimni oshirish uchun Toshkentga yo’l oldim. Ortimdan oq sallali tog’lar duo qilib qoldilar...» Domla  ushbu so’zlarni hayajonlanib o’qirkan, «Ilohim, shu tog’larning duosi ijobat bo’lsin!» — degandilar.
Keyingi birga o’qigan yillarimiz davomida Tog’ayning biror narsasini o’qimadim. U tabiatan kamgap edi. Adabiy bahs¬larga kam aralashardi. Ko’proq xayol surar, tashqaridan uni shunchaki o’ylarga berilgan emas, balki qandaydir muhim fikr¬lar bilan band ekanligini, nimanidir hal qilishga chog’langanligini payqash mumkin edi. Tog’ay bilan hamxona bo’lib yashagan do’stlarimiz uni ba’zan nimalarnidir qog’ozga tushirishini aytib qolishardi. Lekin uni hech kim katta yozuvchi bo’ladi deb o’ylamagandi. Chunki kursimizdagilarning ko’pchiligi o’zlarini shakllangan ijodkor darajasida sanay boshlagan va tahririyatlar bilan allaqachon muloqot o’rnatib olishgandi. Lekin, afsuski, ularning barchasi adabiyot maydonini erta tark etib ketishdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:07:18
Tog’ay bilan sensirab gaplashardim. Men ham o’qishni tamomlamagunimcha biror satr she’rimni e’lon qildirmaganman. To’g’risi, murg’akligimdan yozishga ixlosim cheksiz bo’lganligi bilan juda kam yozganman, chinakam ijod nimaligini faqat  universitetga kelib anglaganman hamda ilk mashqlarimni o’shanda boshlaganman.
Men ba’zan Tog’ayga qoralamalarimni o’qib berganimda, u fikrini lo’nda qilib aytar, keyin «Mirtemirni o’qish kerak, Mirtemirni! Ana u — haqiqiy shoir!» — deya, yoddan uning she’r¬laridan parchalar o’qirdi. Men shunda uning she’riyatni nozik tushunishiga hayron qolardim.
U biror muhim fikr yuzasidan mulohazasini bildirgudek bo’lsa, avval taraddudlanib olar, so’ng go’yoki bu uning uchun so’nggi imkoniyatdek kuyunib, hatto junbushga kirib gapira boshlardi. Shu boisdan  ham,  ya’ni fikrini bamaylixotir bildirolmasligini anglaganligi uchun ham u kamgap edi balki.
U samimiy hazil-huzulni yaxshi ko’rardi. Quyoshday charaqlab kulib, ba’zan o’zi ham mutoyibaga qo’shilishga harakat qilar, lekin o’z sha’niga nobop gap aytilgudek bo’lsa, qora bulutdek tundlashib ketar, hatto mushtini ishga solishdan ham toymasdi.
Universitetni tamomlagach, hammamiz har tomonga tarqab ketdik. Men Tog’ay bilan ham kam ko’rishadigan bo’lib qoldim. Bir kuni uchrashib qolganimda:
—  Menga qara, tarjimani boplabsan-ku! — dedi.
—  Qaysi tarjimani?
— O’ljas Sulaymonovdan. «Drujba narodov»da chiqqan she’rini. Satrma-satr solishtirib chiqdim. Hayratlanarli darajada mukammal chiqaribsan!..
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:07:34
Tog’ay keyin bir necha yillar davomida goh u tahririyatda, goh bu tahririyatda ishlab yurdi. Bir payt uning «Guliston» jurnalida hikoyasi chiqqanini eshitib qoldim. Chamamda, nomi «Zarang tayoq» edi. Adabiyot maydonidagi og’zaki tanqidchilikning peshqadam vakillari: «Bu hikoyada jon bor», deb har davrada gapirib yurishdi. Lekin o’sha paytda kim ko’p — boshlovchi hikoyanavis ko’p edi. Tengqur do’stlarimiz Tog’ayni ham shulardan biri deb qabul qilishdi va bu hikoyani birov o’qidi, birov o’qimadi.
Men «Yosh gvardiya» nashriyotida ishlardim. Kunlarning birida (kuz fasli edi, chamamda) xonamga Tog’ay kirib keldi. «Bu yil paxtaga bormadim, mana shu qissamni oqqa ko’chirdim, shunga bir ko’z tashlab bersang»,  deb qoldi.
Men asarni qo’limdan qo’ymay o’qib chiqdim. Bu uning «Yulduzlar mangu yonadi» nomli ilk qissasi edi.
Ikki-uch kun o’tib, u yana oldimga keldi. Men  ro’zg’origa  ishlatadigan  pulini  qarzga  berayotgan odamdek bir zum sukut ichida tek qotdim.
—  Qalay? — dedi Tog’ay.  —  Ma’qulmi?
Men shartta dedim: 
— Ajoyib! Zo’r yozibsan, do’stim!.. Rostini aytaymi senga —  chingizona qissa bo’pti!
— Rostdanmi?  Shunaqa degin-a?.. — dedi  u  asari nashidasidan ham yayrab, ham ishonqiramay.
Ba’zan shunday maqtovlar bo’ladiki, uni eslab istagan payt¬da dilgir ko’nglingizni ravshan qilasiz. Mening ushbu dil so’zlarim ham uning qalbiga bir necha muddat munavvarlik baxsh etgan bo’lsa, ajab emas.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:07:47
Keyin Tog’ayning ketma-ket qissalari e’lon qilindi. Biri biridan ajoyib asarlar edi ular. Shunda men uning katta ijodiy kuch to’plaganligini his etdim. Bunga, albatta, chuqur mutolaasiz erishib bo’lmaydi. Menimcha, Tog’ay chinakam mutolaa¬ga asosan universitetni tugatganidan keyin bel bog’lab kirishgan. Chunki bizlar ko’pchiligimiz biror joyga ishga ilinib olgan, uy olish yoki o’sish ishtiyoqida asosiy vaqtimizni idora ishlariga qurbon qilganmiz. Tog’ay esa biror-bir joyga astoydil tanda  qo’ymagan edi. O’sha paytlar ko’rishganimizda u Dostoevskiyning hamma tomlarini o’qib chiqdim, hozir «Zapiski iz Mertvogo doma»ni qayta o’qiyapman, degandi. O’sha davr zamonaviy rus adabiyotini esa miridan-sirigacha o’zlashtirgandi.
Keyinchalik Tog’ay bilan kam ko’rishadigan bo’ldik. Menda fursat yo’q edi. U esa o’zining ijodiy rejalariga sho’ng’igandi. Ba’zan u yashaydigan mavzega yo’lim tushib qolganda uni sport kiyimida uchratib qolardim. U yugurishdan bir zum to’xtab:
— Qalaysan? — deb ko’rishgan bo’lardi.
— O’zing yaxshi yuribsanmi?
— Ha, yaxshi, mana, ko’ryapsan-ku...
Shu bilan gapimiz tugar va ikkovimiz ham o’z yo’limizda davom etardik.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib bo’lib ishlayotgan paytimda bir kuni Tog’ay telefon qilib qoldi. Yozuvchilar o’sha paytda ikkiga — uyushmaga va ittifoqqa bo’lingan edi. Men uyushmada edim.
—  Yangi asarimni o’qidingmi? — dedi.
—  Eshitdim, lekin hali o’qishga ulgurmadim, — dedim.
Gap «Otamdan qolgan dalalar» romani ustida ketayotgan edi. Roman «Yoshlik» jurnalining ikkita sonida e’lon qilinib, endigina nashrdan chiqqandi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:07:59
—  Shuni uyushmada muhokamasini tashkil qilib bersang degandim...
— Yaxshi fikr. Albatta tashkil qilamiz...
O’sha paytlarda Abdulla  Qodiriy nomidagi  Davlat mukofotiga asarlar tavsiya etilayotgandi.
Men uyushma mutasaddisi Jamol Kamolga bu haqda fikrimni yetkazdim. U, agar tashkillashtirishni to’liq o’z mas’uliyatingizga olsangiz, kirishavering, dedi.
Muhokama bo’ladigan kuni zal ishtirokchilar bilan to’ldi. Kelishganimizdek, yig’ilishni nasr kengashining raisi olib borishi kerak edi. Muhokama muvaffaqiyatli o’tishidan ko’nglim to’q edi. Belgilangan soatda yig’ilishni ochish uchun zalga kirib bordik. Uyushma mas’ullari pastda o’tirdik, kengash raisi minbarga ko’tarildi.
— O’rtoqlar, — dedi u tomoq qirib jiddiy qiyofada. — Bugun yig’ilishimizni qoldirishimizga to’g’ri keladi. Chunki men asarning ikkinchi qismini o’qib ulgurmadim. Mirpo’lat menga vaqtida yetkazib bermadi. Yana bir karra uzr, o’rtoqlar...
U minbarga katta sumkasini ko’targancha chiqqandi. Yana uni ko’tardi-da, shlyapasini bostirib kiyib, to’g’ri eshik tomon yo’naldi. Hamma dovdirab qoldi. Yig’ilishga mas’ul menman. Shitob minbarga ko’tarildim  va:
— O’rtoqlar, muhokama qoldirilmaydi, bo’ladi. Chunki bu yerga asarni o’qiganlar yig’ilgan. Jamol aka, marhamat, muhokamani o’zingiz boshqarsangiz...  —  dedim.
Jamol aka o’tirgan joyida, hechqisi yo’q, o’zingiz boshqaraverasiz, dedilar. Xullas, yig’ilishni o’zim boshqarishimga to’g’ri keldi. Muhokama qizg’in tusda ikki soatdan ortiq davom etdi. Uning yakunida asar bir ovozdan Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etildi. Ushbu mo’’tabar mukofotga sazovor bo’ldi ham. Lekin qizig’i, Tog’ayning o’zi muhokamaga kelmadi, o’rniga turmush o’rtog’ini jo’natibdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:08:12
Asar, haqiqatan ham, yuksak saviyada yaratilgandi. Bamisoli qo’shiqdek o’qiladi. Uning muvaffaqiyati — jafokash o’zbek xalqining mehnatiyu qismatining yuksak badiiy mahorat bilan ochib berilganida edi. Paxta deb yerga egilgan xalqqa chinakam haykal edi bu.
Tog’ayning bu asariga katta ijodiy kuch sarflaganligini uning quyidagi iqroridan ham payqasa bo’ladi: «Ammo romanni boshlab... paxta nima ekanligini bilmasligimni anglab qoldim. Oppoq qog’oz bilan yuzma-yuz bo’lib... paxta bilan men begona ekanimizni anglab qoldim.
Men uchun paxta qaysi bir... qaysi bir dengiz ostida o’sajak o’tday bo’lib tuyuldi.
Men paxta masalasida... bir go’rso’xta ekanimni bilib qoldim.
Men endi o’nlab paxtachilik darsliklarini o’qidim. Necha o’nlab qishloq xo’jalik kitoblarini o’qidim.
Paxtada o’tmish kunlarimni bir-bir esladim. O’zim bilmish paxtakorlarni bir-bir yodladim.
Baribir... baribir bo’lmadi.
Men o’zimni... xalq hayoti bilimdoni deya o’ylar edim, xalq ruhiyati bilimdoni deb o’ylar edim.
Men paxta bilan yuzma-yuz bo’lib... men hali o’zbek dehqonini bilmasligimni angladim. Men paxta bilan yuzma-yuz bo’lib... men hali paxtakor kim ekanini bilmasligimni angladim.
Men qog’oz-qalam g’amladim. Men Surxon dalalarini nishonladim...»
Bu yetuk yozuvchining teran dil so’zlari va shijoatli ruhining zuhuri edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:08:25
Biz bir guruh adiblar Surxonning Oltinsoyida bo’lganimizda Tog’ayning yurtdoshlari, yozuvchimiz mana bu shiyponda yashagan, mana bu dalalarda dehqonlar bilan suhbat qurgan, birga mehnat qilgan, deya faxr bilan gapirishgandi.
Tog’ay ushbu asari bilan adabiy jamoatchilik og’ziga tushdi, el mehrini qozondi. Holbuki, bu ikki toifaga birdek manzur kelish kamdan-kam ijodkorga nasib etadigan baxtdir.
Ayniqsa ustoz adib  —  Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovlar adabiyotimizga yangi iste’dod kirib kelganligidan mamnun bo’ldilar. Ozod Sharafiddinov «Otamdan qolgan dalalar»ni oliy maqomdagi bir yig’inda mustaqilligimiz sharafiga bitilgan eng yetuk asar deb baholadi.
Men Tog’ay bilan keyin ko’p muloqotda bo’lmadim. Esimda qolgani, u yuqorida aytilgan mukofotini olganida qutlash uchun uyiga o’tganim edi. Do’stim Shodmon Otabek ikkimiz uch-to’rt kun kechikib o’tdik. U astoydil qarshi olarkan, ginaxonlik ham qildi:
— Hamma ishni o’zing boshlab qo’yib, qaerlarda yuribsan? Seni birinchi kuni kelar deb kutgandim...
Biz ichkariga kirarkanmiz, ko’zim eshigi ochiq xonaga tushdi... Ijodxonasi bo’lsa kerak. Shinamgina. Devorga taqab xontaxta qo’yilgan, yoniga ko’rpacha yozilgan, xontaxta ustida «Qur’on»ning yangi chiqqan o’zbekcha nashri turardi.
Tog’ayning hayotdan ko’z yumganini to’satdan eshitdim. Ham do’st, ham kursdosh sifatida chiqarilishiga yetib bordim. Hovlida tumonot odam bo’lib, ularning aksariyati ijodkorlar va ziyolilar edi.
O’sha damlarda Tog’ay adib sifatida hammaning ko’nglida yanada kattara boshladi. Bugungi kunga kelib u adabiyotimizning mumtoz siymosiga aylandi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:08:38
Endilikda buni men yana bir karra chuqur his etdim. 2004 yil adog’ida «Drujba narodov» jurnali bosh muharriri o’rinbosari, mashhur adib L.Terekopyan Toshkentga kelgandi. Domla Ozod Sharafiddinov uyiga taklif etdilar. Davraga mehmonning eski qadrdonlari  — Odil aka va Pirimqul akalar ham tashrif buyurdilar. Qaytmas yoshlik davri, ijodiy hamkorlik yillari eslandi. Gap o’zbek adabiyotining bugungi kuniga kelib taqaldi.
— Biz uyushma bilan kelishgan holda o’zbek adabiyoti uchun maxsus son bag’ishlamoqchimiz, shunga sizlar nima deysizlar?..  — dedi mashhur jurnal nomidan mehmon.
— Prozadan men Tog’ay Murodni tavsiya etgan bo’lardim, — dedi Odil aka, bu fikrim qat’iy degandek.
— Tog’ay Murod adabiyotga o’zbek mentalitetini olib kirdi. Dunyo adabiyotida hozir xalqlar etnosiga qiziqish juda kuchaygan,  Tog’ayning asarlari xuddi ana shu jihati bilan e’tibor qozonishi shubhasiz,  — dedi Pirimqul aka.
— Men ham Tog’ay Murodning asarlarini tavsiya etaman, — dedi Ozod aka.
Domlaning gapidan keyin mehmon yon daftarchasiga nimalarnidir qoralab qo’ydi.
Ba’zan shunday bo’ladiki, o’tgan yozuvchini xotirlash jarayonida uni ideallashtirish mayli ham ko’zga tashlanadi. Men esa bu tushunchadan yiroqman. Chunki Tog’ay ko’pchilik qatori oddiy yashadi. Lekin rasmana ijod qildi. Haqiqatiga sodiq qola bildi. Muvaffaqiyatlarga erishdi. Hali ko’p go’zal asarlar yaratishi mumkin edi. Lekin beshafqat o’lim uni oramizdan erta olib ketdi...
 Stolim ustida, mana, undan meros qolgan kitoblar. Bu kitoblar uni bir paytlar katta yo’lga kuzatib qolgan «oq sallali tog’lar duosi»ning ijobati edi. Endi xayolimdan avvalgi fikrimning aksi kechadi: ularning qaysi biri yangi asr o’quvchisi nazariga arzimasligi mumkin?..
Do’stimning kitoblarini sekin-sekin varaqlar ekanman, ular ichiga sho’ng’ib ketganimni sezmay qolaman...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:09:20
YO’LDOSH ESHBEK  

 
MO’MINNING KAROMATI YOKI
ORIYAT KUYCHISI

Yetmishinchi yillar adabiyotga gurillab kirib kelgan, kirib kelishdan oldin lovillab yongan, kuyib-kuymangan do’stlarimni, ular bilan o’tkazgan kunlarimni,   tunlarimni, suhbatlarimni eslab, orziqib, entikib, xush ma’noda g’alati bo’lib ketaman. Ular bilan kechirgan kunlarim, suhbatlarim go’yo juda olislarda, ufqlar ortida qolib ketganday, anvoyi nurlarga chulg’anib ertaknamo tushlarimga kiradi. Ularni sog’inaman. Nega? Ular (ko’pchiligi) tirik-ku?!  Bu savolga javobni bilmayman. Bilsam-da, javobim aniqmas, qandaydir mavhum. Lekin men ular bilan faxrlanaman. Ular bugun dunyo adabiyoti atalmish maydonning sezilarli joylarini zabt etishdi.
 Ayniqsa shu do’stlarim, tengqurlarim orasida,umuman, adabiyotda Tog’ay Murod voqea bo’ldi, desam mubolag’a bo’lmas. Men u bilan o’sha yetmishinchi yillar atrofida  Talabalar shaharchasining adog’i, Qoraqamishning boshlanishi, Ko’z kasalliklari shifoxonasining biqinidagi kulbaxonada tanishganman.
 Bir kuni Usmon Azim va Erkin A’zam meni o’sha kulbaga boshlab borishdi. Tog’ay Murod bilan tanishdik. Tanishdik, deymanu rasman hech kim tanishtirgani yo’q. O’tirishimiz bilan eski tanishlarday suhbatlashib ketdik: shoir, falon she’ringizni falon jurnalda o’qidim. Orada hech qanday begonalik degan gap bo’lmadi. U, umuman, suhbatlarga kam aralashar, ba’zan o’ylab-o’ylab, salmoqlab, ba’zan tez, hayajon bilan gapirardi. O’shanda, hali esimda, egnida korjoma, katak-katak kostyum, oppoq ko’ylak, yuzi ham shunga monand oqish, ko’zlari qisiqqa moyilroq bo’lsa-da, yirik, o’ychan, tubsiz; musaffo fikr¬lar, o’ylaganda bosh qimirlatmasdan tez-tez, uyoq-buyoqqa qarab-qarab qo’yar, to’g’rirog’i, ko’zlari gapirib turganday bo’lardi. Ha, ko’zlari so’zlab turardi Tog’ay Murodning. Biz u bilan umri so’ngigacha yaxshi do’st bo’ldik. Bundan men roziman, iloho do’stim ham rozi ketgan  bo’lsin. Shuni aytib qo’yishim kerakki, Tog’ay Murod bilan uzoq do’stlashish qaltisroqmi, nozikroqmi, deb qo’yishardi, ba’zilar. To’g’ri, u kezi kelganda, musht  do’laytishni ham, o’rni kelsa, musht tushirishni ham bilar, lekin yetarlicha vazminligi ham bor edi, o’zini tuta olardi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:09:35
Faqat bo’shashgan emas, o’z haqini ham yaxshigina tanir, yaxshigina bilardi. Inson sifatida ham, yozuvchi sifatida ham faollardan edi. Oilaviy hayotda bilmadim-ku (buni endi ko’proq Ma’suma yozsa kerak), lekin albatta, iste’dod sohiblariga xos injiqliklardan xoli emasdi, deb o’ylayman. Qolaversa, bandai ojizmiz, hech qaysimiz ham bunday xato-kamchiliklardan butunlay yiroqmiz, deb ayta olmaymiz. Yana qolaversa, bu xususiyatlar bo’lganda ham Tog’ay Murodning ulkan iste’dod egasi ekaniga soya sololmaydi. U o’quvchilar, mutaxassislar, jamoatchilik, xalq tomonidan e’tirof etilgan va hukumat tomonidan taqdirlangan — O’zbekiston xalq yozuvchisi.
O’quvchi Tog’ay Murod ijodi bilan tanishayotganda, qiynalmaydi. (Talabchan zamondoshlarimiz zamonaviy adabiyot o’quvchini bir ozgina qiynab, keyin ochilishini xush ko’rishadi. Bu ham to’g’ri, lekin biz ortiqcha, rebussimon chigalliklarni nazarda tutmoqdamiz.) Albatta, o’quvchi Tog’ay Murod qahramonlari xursand bo’lsa — xursand, xafa bo’lsa — xafa bo’ladi, birga yashaydi — o’qish jarayonida — birga qiynaladi. Shunday deb o’ylayman, ishonaman. Bu degani Tog’ay Murod mutlaqo tayyoriga ayyor  o’quvchilarga mos degani emas. Ha, jahon adabiyotida o’quvchining fikr yuritishiga ortiqcha o’rin qoldiruvchi, shu tariqa o’quvchi saviyasini ko’tarmoqni istovchi adiblar ham ko’p. Bundan tashqari mutlaqo intellektual saviyadagi o’quvchilarga moslab bitilgan asarlar ham yetarli. Yana yozganini hech kim,  kasbi buyuk,  ya’ni ulug’ yozuvchi bo’lgan, hatto o’zi (muallif) ham tushunmaydigan yozuvchilar ham bor. Nima bo’lganda ham, Tog’ay Murodni xalqimiz xush qarshiladi. Buni, albatta, ko’pchilik sezdi. Uning asarlari ritmik jihatdan xalq og’zaki ijodi sarchashmalaridan suv ichsa-da, ohanglari tamoman yangi, betakror, biror yozuvchiga o’xshamaydi, tili, ohanglari xalq dostonlaridan ham farqlanadi. Ohanglar, jumlalar quyma. Uning ijodi haqida gap ketganda — ko’p  takrorlayotganim — xayolimda ohang turadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:09:50
Asar bilan sarlavha — tan bilan bosh. Asarlarini o’qishni boshlashingiz bilan, yo’q, boshlamasdan oldin, sarlavhalariga ko’zingiz tushgandayoq, odamni ajib bir oydinlik, anvoyi nurlarga chulg’angan go’zal bir ohang qurshab oladi. «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar»...  Ha, go’zal asar ertaknamo, xayolnamo,   tushnamo va  xushnamoga o’xshab ketadi. Asarlaridagi boshdan-oxir o’sha go’zallik, o’sha go’zal nur ko’ngilni tark etmaydi. Qahramonlaridagi oriyat mudrayotgan tuyg’ularimizni qo’zg’aganday, turtganday, bir oz bo’lsa-da, uyg’otganday bo’ladi. Insonning eng katta boyligi — oriyat. Odamlar  orasida, jamiyatda  insonni ko’targuvchi ham, tubanlarga otib, botqoqlarga botirib, bulg’ab tashlaguvchi ham oriyatdir. Xalqda u lofi bilan ming ma’noda qo’llanadi. Lug’atlarda esa"¦ha, mayli, hozir buning mavridi emas. Gap kamchilikda emas, unga bo’lgan odamlarning munosabatida.
Tog’ay Murod qahramonlari yovuz munosabatlarni ko’tarib, ya’ni bardosh qilib, umid bilan, o’sha oriyatlariga dog’ tushirmaslikni juda-juda istovchi va buni uddalovchi odamlar. Bu oson kechmaydi. Chunki odam — faqat  Surxonda, O’zbekistonda emas, hamma joyda odam. Butun kurrai zaminni mehr-muhabbat ushlab turganidek,  butun  kurrai zaminni, undan  ham  ulug’  inson ko’nglini parchalab, vayron qilishga tayyor  yovuzlar bor. Aytaylik (yovuzlikning  xili ham son mingta), avji suhbat qizigan paytda nuqsonli bir kishiga, dardli bir kishiga sha’ma gap qilish. O’, ular shunday usta odamlarki, siz falon, farzand¬sizsiz demaydilar, shunday boshqa bir kishi haqida gapiradilar. Ba’zan shu tariqa, nuqsoningizga xaloyiq bo’lib yopirilishadi — ular farosatsiz emas, anqov ham emas, yovuzdirlar. Himoyasiz, boshi berk ko’chalarni juda yaxshi biladilar, shu ko’chalarga ba’zan bildirmay aylanma yo’llar — aylanma so’zlar bilan, ba’zan shirin so’zlar bilan kiradilar. Qarabsizki, o’sha himoyasiz ko’chaning boshida turibsiz, qutulish mumkin. «E, birodar, bu inson ixtiyoridan tashqaridagi nuqson, bu Yaratganning irodasi»,  deyishingiz mumkin, lekin daf’atan deya olmaysiz.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:14:18
Chunki u sizga aytgani yo’q, shunchaki eslatdi va siz nayzalarni qabul qilib bo’ldingiz. Tog’ay Murod qahramonlarining oriyatiga shu tariqa darzlar yetadi, lekin ular oriyatlarini yo’qotmaydilar. Umuman, inson oriyatini yo’qotishdan qattiq qo’rqadi — Kashal eliga borib Oybarchinni qutqarish uchun kechikib qolishdan qo’rqqan Alpomish, nafaqat o’zbek yoki turkiylar, balki butun insoniyatning tipik timsoli, desak mubolag’a bo’lmas. Hayotni, zaminni, insonni ana shu qo’rquv tutib turadi, buyuk adiblar ana shu qo’rquvni kuylaydilar. Tog’ay Murod qahramonlaridagi ulug’ fazilat ham mana shu oriyatdir, bu aslo izzattalablik emas. Bu asarlarda zohiran o’sha muqaddas qo’rquv ko’rinmasa-da, botinidan sezish mumkin. Ya’ni qahramonlar doim shu oriyat himoyasidadirlar va afsuski, himoyasiz ham qoladilar. Ki, bu holni ko’ngil darzlari, deyish mumkin. Lekin biz ojiz bandalar unutamizki, ko’ngil, ko’ngil bo’lganda ham shikasta ko’ngillar, darz ketgan ko’ngillar Haq nazargohi ekan.
Biz tomonlarda Shova degan joyda ulug’ zot, valiy hazrati domla Kamol yashab o’tganlar. Bir muridi shu murshidi komilga hadya qilmoq uchun katta qopga o’zining so’nggi tarvuzlarini joylabdi. Qarasaki, ozday ko’rinibdi, qo’shnisining paykalidan ham bir necha tarvuzni qopiga solibdi, keyin aytib qo’yarman, debdi. Hazratnikida yashaydigan boshqa muridi tarvuzlarni tushirib, qopdan to’kibdi. Shunda hazrat kelib qolibdilar-da, qo’shnidan olingan tarvuzlarni aniq ajratib: «Bo’tam, bularni olgan joyingizga eltib qo’ying, bizga mana bu tarvuzlarning o’zi ham kifoya», deya marhamat qilibdilar. Chunki avliyo kishining haqini yemaydi. Tog’ay Murod ham  hazrat domla Kamol singari kishi haqiga ko’z ola qilmasdan yashab o’tdi. 
Biz bilan ne-ne iste’dodlar yashab ijod qilib o’tdi. Shukur Xolmirzaev, Rauf Parfi, Tog’ay Murod... 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:14:31
Said Ahmad domla haqlar: oldingdan oqqan daryoning qadri  yo’q. Lekin bu iste’dodlarning chekkan  zahmatlari beiz ketmadi, mustaqillik sharofati tufayli  hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Bu yaxshi. Lekin  kishi umuman inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham tamoman orzularimga yetdim, mutlaqo bearmonman, deya olmaydi.
 Bir kun domla Kamol hazratlariga jufti haloli farzand ko’rmayotganlaridan so’z ochganda, hazrat domla Kamol, bizning farzandlarimiz behisob bo’lg’usi, deb jilmayibdilar. Yoshi bir joyga borib qolgan kampiri hayrona qarabdi. Domla marhamat qilibdilar: «Qiyomatgacha bizni sevgan murid, muxlislarning bari bizning farzandlarimizdir!» Shundan so’ng bu haqda gap bo’lmabdi. Hovlilari to’la yetim bolalar, muridlari, ulardan keyingi muxlislar"¦ Hazrat yolg’on so’zlamadilar.
 Hazrat bilan tirikliklarida ko’risholmadik. Mening hayotim asosan Toshkentda kechdi. Nurota tog’ yonbag’irlarida son-sanoqsiz mozorlar aro faqat hazrat bilan kampiri qabrlari uzra  ularga tasbeh aytib yam-yashil qamishlar sokin chayqalib turadi. Bunday joyda qamish ko’karishiga aql bovar qilmaydi. Ziyoratchilar — farzandlari doim kelib turishadi. Tog’ay Murod qahramonlari ham yuksak umidlar bilan yashab, g’ussa tumanlarini o’zlaridan nari qilmoq bo’ladilar.
Men Tog’ay Murod tug’ilib-o’sgan yurtda, Denovda ko’p bo’lganman, oriyatli yurtdoshlari bilan do’stlashganman, aka-uka bo’lib qolganman. Bari Tog’ay Murod tufayli. Biz ba’zan oddiygina qilib, uni Tog’ay, derdik. Lekin keyingi yigirma yil ichida (bir marta ko’chada qisqa suhbatlashdik, Darxondagi yangi uyiga olim Yashar Qosim bilan birga ko’chirib qo’ydigu, kechgan yil uni abadiy uyi sari ko’chirdik) va deyarli ko’rishmadik.  Endi afsusdaman. Oldingdan oqqan daryoning qadri"¦ bu alohida, uzun mavzu, keyinroq, o’rni bilan yozish niyatimiz bor. Lekin oldingi kechirgan o’n-o’n besh yillik umrguzaronlik, do’stligimiz ancha mavzularni o’z ichiga qamraydi. Umuman, ijodkorning kimligi asarlarida namoyon bo’ladi, shoirning she’rida, nosirning qahramonlarida, deylik, bosh qahramonlarida. Masalan, Abdulla Qodiriy, Oybek, ayniqsa O’lmas Umarbekov asarlarini o’qiganlar mualliflari ham pokiza insonlar bo’lganini sezishadi. Chunki odamning odamiyligi amali va ko’ngliga qarab bo’ladi. Ko’ngil ijodi — amalda tajalliy etadi. Adib ko’rganday yozadi, yozganday ko’rmaydi. Chunki ko’rish ko’ngil orqali bo’ladi. Yozuv orqali emas. Tog’ay Murod asarlarini o’qiganlar uning shoirona ko’ngil sohibi bo’lganini bilishlari mumkin. Biz ko’nglimizga darz tushishidan ko’ra ko’proq dog’ tushishidan qo’rqamiz. Darz — ko’ngil mahzunligi. Dog’ — sharmandalik. O’zing sharmanda qilma, deb yashaymiz va bu qo’rquv oriyatni, oriyatning ulkan qismini tashkil etadi va bu qo’rquv insonni inson aylaydi. Tog’ay Murod ham o’zining bosh qahramonlariga o’xshagan oriyatli, yaxshi inson edi. Oxirati obod bo’lsin!                           
Ma’suma qo’ng’iroq qilganida xotira yozishimni aytdim. Albatta, o’tganlarni yodlash burchimiz. Barchasi haqida yozamiz, ruhlari shod bo’lsin. Sening ham ruhing shod bo’lsin, Tog’ay Murod! Ketganingda, sen va yurtingni, tulporingni, qahramonlaringni eslab, bir she’rcha qoraladim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:15:06
Tog’ay  Murod

elegiya

Ot kishnagan oqshomlarda
Yulduzlar mangu yonar.
Tong hidi bor bu damlarda
Quvonch porlar, qayg’u yonar.
                                 
Xo’jasoat quchog’ida
Nurlar kabi porlar uzum.
Kech kuzakda, bog’ oxida
Mo’ltillaydi yurtning ko’zi.
                                     
Yo’l uzun, yo’llar uzun
Surxondan ham narida.
Ufqlarda qoldi so’zim,
Shafaqlarning bag’rida.
                                     
Jaranglagan ol dizlarni
Tinglab turar Vaxshivor.
Tulpor hidlar yulduzlarni,
Manglayida oyi bor.
                                       
Tong hidi bor bu damlarda
Quvonch porlar, qayg’u yonar.
Ot kishnagan oqshomlarda
Yulduzlar mangu yonar.                               
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:15:25
Ma’suma  bu she’rni telefonda eshitib, tasalli topganday bo’ldimi, u siz yozishingizni istardi, deb qoldi. So’z ta’rifiga ojiz holga tushdim: kim haqda, nima haqda, qanday yozishimni? Sen meni o’zingga shunchalar yaqin tutishingni bilardim. Ma’suma telefonda yetarlicha tushunarli aytgan bo’lsa-da, hanuz o’ylardim: tongotar suhbatlarimizni, oxirgi pullarimizni to’plab, shahar go’zalligini tomosha qilish uchun taksida kezgan tungi sayrlarimizni, ajoyib orzularimizni... Hatto hozir tirik, salomat do’stlarimizni, suhbatlarimizning gullari — dangalchi Erkin A’zamni, harbiy xizmatdan Olmoniyadan qaytib kelgan qo’li ochiq Usmon Azimni, Maskovdan — «mast ko’p»dan keldim, deb xonamizga kirib kelganda bayram bo’lib ketadigan Murod Muhammad Do’stni, sen she’rlarini yaxshi ko’radigan Azim Suyunni, Rauf Parfini, Sirojiddinni, Mirzoni, Tojiddin Razzoq, Sharafiddin Muhammad va Farhod akalarning xonasida yig’ilishib, adabiyot, kurash, sport haqidagi mubohasalarimizni... «Yulduzlar mangu yonadi»  qissangdagi sening ham moddiy, ham ma’naviy polvonligingni; «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalaring¬dagi, romanlaringdagi bosh qahramonlaring kabi o’zingning ham orchiliging, Allohdan ulug’ mujdalar kutib, ozodlik kutib, yigirma yillarcha sabr-bardosh bilan faqat ijod bilan mashg’ul bo’lib, ko’chalarga kam chiqqaningni esladim. Yigirma yil deyarli ko’rishmaganimizni, bu do’stligimizga va sening sha’ningga soya sololmasligini, lekin bevaqt o’lim ham borligini unutayozganday, g’aflatda qolganimni eslab o’kindim. Men ham yigirma yil tashqariga emas, o’z xonamning ichkarirog’iga kirib bordim, sen bilan do’stlarim, ulug’ ustozlarimiz bilan ko’rishuvga munosib hozirlik ko’ray dedim va g’ofil qoldim. Lekin men senday do’stim borligi bilan (bo’lganligi bilan demayman) faxrlanaman. Har kun seni ziyorat qilishadi. Zero, sen yerdasan, ko’kdasan, kitoblaringdasan, odamlar, muxlislaring ko’nglidasan. Sen bir odam qilishi, bir yozuvchi qilishi mumkin bo’lgan ishlarni qisqagina umringda bajarding. Zero, sen e’tirof etilding. Endi senga va barchaga uxroviy mukofotlar ato etilsin! Biz sendan rozimiz, sen ham bizdan rozi bo’l!  Buyuk Kunda yorug’ yuz bilan ko’rishaylik! Ko’rishguncha omonda bo’l! Yo do’sti aziz! Yo do’sti Qiyomat!                             
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:16:07
NODIR NORMATOV


OT  KISHNAGAN  OQSHOM...

Bir tun... yaqindagina... kuni kecha  Ziyodulla  chavandozning Tarlon oti kishnadi. Odatda, ot yo shodu  xurramlikda, yo kulfatda kishnaydi. Afsuski, bu gal Tarlon ot kulfatni sezganday bezovta bo’ldi. U o’sha tomonda, Surxon tog’larida, Xo’jasoat qishlog’ining dashtu qirlarida, to’lqinlanib yotgan ko’m-ko’k adirlarda kishnayotgan   paytda   yozuvchi  Tog’ay  Murod  olamdan o’tdi...   
Tarlon ot — u yaratgan obraz — Ziyodulla chavandozning Tarlon otiga ko’p yomon bo’ldi. Uning nolasiga hamma quloq tutdi, unga qo’shilib hamma qayg’uga botdi. Hammaning ko’ngli «Nega shunday bo’ldi?» — degan savol bilan o’rtandi. Shu jumladan, biz tengqurlari, tengdoshlari ham.
Buning ustiga, biz kursdosh ham edik. U bilan Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida birga o’qiganmiz. Tog’ay Murod bizga 3-kursdan kelib qo’shilgan. Avvaliga yuqori kursda o’qib, orada harbiy xizmatni tugatib, o’qishni qayta boshlagan edi.
«Otlar uzoqda bo’lsa, bir-birini sog’inib, kishnashar. Yaqinda bo’lsa agar bir-birini tishlashar», degan maqol bor. Xuddi shunday, biz bir guruh o’spirin yigitchalar: Erkin A’zam, Usmon Azim, Muhammad Rahmon, Tog’ay Murod o’sha damlarda birga o’qib, birga yurib, adabiyot, hayot, o’zimiz bilgan va bilmagan narsalar haqida bahslashib, tortishib yurardik. Bularning barisi gina-kuduratsiz, adovatsiz ro’y berardi.
Tog’ay Murodning o’zicha bir olami bor edi. Bu olam uni adabiyotga olib kirdi. Tog’ay Murod o’zi yaratgan ana shu olam ichida yashay boshladi. Bu olamda oydinda yurgan odamlarning sodda dunyosi, yulduzlar mangu yonadigan osmon ostidagi polvonlarning halol kurashi, ko’pkari chopgan oqko’ngil chavandozlarning diltortar gurungi bor edi.
Surxonning olis qishlog’i — Xo’jasoatdan katta shaharga kelib, shuncha yil yashab, orttirgani yolg’iz adabiyot bo’ldi, shuni deb yashadi. Romanlar, qissalar yozdi. Menimcha, «Ot kishnagan oqshom» qissasi alohida jozibaga ega.
Tog’ay Murod tabiatan o’z qahramoni Ziyodulla chavandoz kabi, Tarlon ot kabi fe’li asov,  polvonlari kabi do’lvori edi. Rus yozuvchisi V.Shukshin o’zi haqida yozganida: «Shu paytgacha shaharlik bo’lolmadim, ammo qishloqiligimcha qolib ham keta olmadim», deb ta’kidlagan joyi bor. Tog’ay Murod shaharda yashasa ham qishloq odamlarini, uning tabiatini sevib, sog’inib ijod qildi. Ammo o’zi yaratgan bu obrazlardan, qishloq manzaralaridan ko’ngli sovib qolishdan qo’rqib, u yerga borib yashagisi kelmasdi. U mana shundan ezilar, qiynalar, boshi berk ko’chaga kirib qolgandek bo’laverardi. Shu sababdan uning ko’ngli to’la armonlari, hasratlari, orzulari mo’l edi. Ularning bir qismi «Otamdan qolgan dalalar»da aks etgan bo’lsa, ba’zi birlari ehtimol qoralab qo’ygan qo’lyozmalarda bo’y ko’rsatar. Balki ko’pchiligi uning serhayajon, ta’sirchan va serg’alayon yuragi tubida qolgandir. Biz buni endi hech qachon bilmaymiz, bilolmaymiz. Ammo uning adabiy bisotidagi duru injulari bir qalb iztiroblari va quvonchlarining timsollari bo’lib, yuragi pok bir insonning tip-tiniq ko’zyoshlari kabi kishini hayajonga solib turishi tabiiy. O’lim sharobini erta totgan do’stimiz uchun qanchalik kuyunmaylik, o’lim haq ekanligiga iqror bo’lishdan bo’lak chora yo’q. Shunday esa-da, bir taskin va ko’ngil yupanchi uchun Tog’ay Murod yaratgan kitoblarga nazar tashlaymiz-u: «Attang, u bulardan-da yana soz va xo’b asarlar yaratishi mumkin edi-ku», degan armonli fikrlar ko’nglimizdan kechadi.
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:16:44
XURSHID  DO’STMUHAMMAD

TOG’AY MURODNING SIRLI DUNYOSI

Biz Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida o’qigan kezlar quyi kurs talabalari bitiruvchi fakultetdoshlarga juda havasimiz kelardi. Chunki ular hademay tahririyatlarga borib qizg’in ijodiy faoliyatga kirishib ketishadi, gurillatib maqolalar chiqarib, el-yurtga tanilishadi. Shu o’y-xayolda oramizda, «Qaysi kursda ijodni boplaydiganlar ko’proq?» — degan savol ham aylanishib qolardi ba’zan. Bizdan bir yil muqaddam o’qishni bitirayotgan kursda kimsan Erkin A’zam, Halima Xudoyberdieva, Usmon Azim singari ahli qalam badiiy adabiyot eshigini dadil ochishga shay bo’lib, jamoatchilikka tanilib ulgurishgan edi. Bu ham «etmaganday», ularning safida Tog’ay Murod paydo bo’ldi! Aslida u o’qishni ilgariroq bitirayotgan, lekin qandaydir mojaroga aralashib, kasriga bir yil «sinf»dan qoldirilgani bois ke¬yingi kursdagilar bilan o’qishni bitirishga majbur bo’lgandi. Kim nima tashvishda-yu, biz «Erkin A’zamlar kursi yanayam kuchayib ketganidan» xavotirdamiz! Xavotirda edigu, Tog’ay Murodni qariyb ko’rmas edik. U darslarga deyarli qatnashmas, mabodo yuzma-yuz kelib qolganda ham Tog’ay boshqalar bilan yolchitib so’rashib, salom-alik qilganini eslolmayman. Qo’l olishgan taqdirda ham og’iz ochib bir narsa demas, bosh irg’ab qo’ya qolardi.
— U zo’r yozuvchi! — dedi saboqdoshimiz O’rol O’taev, bunday holatni o’zicha sharhlab.
«Zo’r yozuvchi boshqalar bilan gaplashmaydimi, hech kimga qo’shilmaydimi?» — degan o’yga bordim-u, o’zim bilan o’zim ovora, Tog’ayni unutib ham yubordim.
Oradan yillar o’tdi, onda-sonda ko’cha-ko’yda, aksariyat Respublika Radiosi uyi atroflarida (u o’sha yerda ishlar edi) mutlaqo tasodifan to’qnash kelib qolganimizda salom-aligimiz juda qisqa bo’lardi. Men oddiy jurnalist, Tog’ay Murod esa «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalari bilan o’zining haqiqatda zo’r yozuvchiligini isbotlab ulgurgan, bizga o’xshash boshlovchi havaskorlarga bepisandligi bejiz emas-da, deb o’zimcha unga tan berib qo’yardim ham. O’tgan asrning 70-80-yillarida adabiyotga erta kirib kelgan, bitta-yarimta kitobi, besh-oltita she’ri yoki hikoyasi og’izga tushgan tengqurlar orasida dastlabki ijodiy yutuqlar ortidan kelgan shon-shuhratni ko’tarishga anchayin «qiynalgan»lari ham bo’lgan. Chetdan kuzatgan kishi Tog’ay Murodni ham kibru havoga berilgan o’sha toifa vakillariga qo’shib yuborishi hech gap emas edi.
Oradan yana qancha vaqt o’tdi, yodimda yo’q, Tog’ay Murod «Fan va turmush» jurnali tahririyatida paydo bo’ldi! Men ushbu tahririyatda yetti-sakkiz yildan buyon ishlayotgan xodim sifatida bir narsaga imonim komil ediki, Tog’ay Murod uchun «Fan va turmush» ham, jamoadagi muhit ham mutlaqo yot edi! Nega, nima sababdan?
Tahririyatda ichki mehnat intizomi qat’iy yo’lga qo’yilgan, jurnalning har bir soni mundarijasi qat’iy reja asosida shakllantirilar, fikr-mulohazalar,  maqolalarni tayyorlash, hatto yurish-turishimizgacha, tushlikka chiqish-kelishgacha —  hammasi yozilgan-yozilmagan qat’iy tartibga solingan edi!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:17:33
Shu o’rinda o’zbek ilmiy-ommabop jurnalistikasi xususida to’xtalishga to’g’ri keladi.
Ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish har qanday milliy jurnalistikaning nihoyatda muhim va nihoyatda murakkab yo’nalishlaridan hisoblanadi. Bu borada bizda e’tirof etilgan jurnalistlar barmoq bilan sanaladigan darajada oz. O’zbek milliy jurnalistikasida «Fan va turmush» maktabi alohida mavqega, tajribaga ega. Anvar Muhammadqulov, Komiljon Xolmuhamedov, Husniddin Nurmuhamedov, Rustam Obid... Yana kimni eslaymiz?.. Rahmatli G’aybulla as-Salomning tarjimashunoslikka doir darsliklari, qo’llanmalarini varaqlab ko’ring, bu sohadan yiroq kishi ham zavq bilan o’qiy boshlaganini sezmay qoladi. Boisi, rahmatlik ustozimiz «Fan va turmush» maktabini o’taganlardan hisoblanadilar! Bosh muharririmiz, mashhur akademik Yolqin To’raqulov fundamental fan yutuqlarini oddiy kishilar tushunadigan darajada ommalashtirib berishimizni talab qilar, buning uchun katta-kichik olimlar keltirgan maqolalarni qayta ishlagunimizcha kam deganda besh-oltita adabiyotni ko’rib chiqishga, mutaxassislar bilan suhbatlashishga, necha jild qomusu ma’lumotnomalarni titkilashga to’g’ri kelar... shu talab va darajada ishlash uchun esa hozirgina men aytgan qat’iy tartib-intizomga rioya qilishga majbur va mahkum edik. O’zimizning shu qadar odobli, intizomli ekanimizdan, bosh ko’tarmay ishlashimizdan faxrlanar edik, buni jurnalning ko’plab nufuzli mualliflari ham e’tirof etishardi. Biroq bunday qat’iyatlilik bir narsada — badiiy ijod kishisining ichki erkinliklari qarichi bilan  o’lchaganda o’taketgan bema’nilik edi! Tasavvur qiling, «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar»dek betakror asarlarni yaratib qo’ygan Yozuvchi — men mazkur qissalarda aks etgan muallif ruhidagi cheksiz hurlikni, badiiy tasvir simfoniyasini, har qanday tan olingan adabiy an’analardan-da farqlanuvchi o’ziga xoslikni, betakror jozibali ohangni nazarda tut-yapman — hozirgina men tasvirlashga harakat qilgan shart-sharoitga moslasha olmasligi go’dak bolaga ham ayon edi.
Lekin Tog’ay Murod ishga qabul qilindi. Torgina xonada, ro’parama-ro’para stolda peshonamiz peshonaga tekkudek ahvolda bir yildan ortiqroq, hamxona-hamnafas bo’ldik. Xonadagi hamkasblar bilan bo’ladigan adabiy gurunglarimiz doirasi   kengaydi. Tog’ay L.Tolstoy, Mopassan asarlaridan ko’p misol keltirar, ayniqsa E.Seton-Tompsonning hayvonot dunyo¬siga bag’ishlangan hikoyalarini zavq-shavq bilan aytib berar, ularni o’zbekchalashtirishga kirishganidan gap ochardi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:17:53
Tog’ayga ko’proq adabiy-badiiy, ijtimoiy yo’nalishdagi maqolalarni tayyorlashga berishardi. U o’ziga topshirilgan maqolani juda qiynalib o’qib chiqar va muqarrar undan qoniqmas edi. Ko’pchilik mualliflarning «tili» g’alizligidan, mutlaqo o’zbekcha emasligidan tutaqib ketar, ruschadan no’noqlarcha tarjima natijasida urchib borayotgan chala va soxta til bu, deya xunob bo’lgani bo’lgan edi. Qo’lyozmani ko’targancha xonada yurishga tushar, «I, buni yozganiga qaranglar!» — deb «tesha tegmagan» jumlalarni baralla o’qib eshittirar, ketidan yayrab kulib ham qo’yar edi. So’ng, «Bu maqolani tahrir qilib bo’lmaydi», degan xulosa chiqarardi. Biz esak, agar shu taxlit yondashilsa, aksariyat mualliflarning maqolasi ommaboplik talabiga javob bermasligini, demak, ular jurnal yuzini ko’rmasligini yangi xodimimizga uqtirishga urinardik. Bo’yab-bejab tahrir qilingan asl nusxalarni ko’rsatardik.
— Bunday tahrir qilishda mualliflarni dangasa qilib qo’yasizlar, xom-xatala maqola yozadi-da, sizlarga  ishonib tashlab ketaveradi, shu. Yaxshisi, maqolani qaytarib berib yuboraman, boshqa iloji yo’q, — deb ikki oyog’ini bir etikka tiqib turib olardi.
Biz esa unga tushuntirolmay jonimiz halak: «Hay, baraka topkur, jurnalga hech qachon tayyor maqola kelgan emas, siz bilan bizning vazifamiz ham bitta — maqolani qayta ishlab, tayyor holga keltirish, vassalom!»
Shundan keyin Tog’ay kiftini bir qisib qo’yardi-da, vaziyatni tushunganday bo’lardi.
— Yaxshisi, qayta yozib qo’ya qolaman! — deya muk tushib o’tirganicha bosh ko’tarmay ishga kirishib ketar edi. Jismonan baquvvat edi, butun vujudi bilan maqolani qayta yozishga kirishib ketardi. Umuman, Tog’ay Murod qo’l uchida ishlamas edi, bir ishga kirishdimi, chalg’imas, xonadagi gurunglarga ham qo’shilmas, chor-atrofida nima gap, nima so’z — barini unutar edi. Biz hamxonalar suhbatlashib qolamiz, hazil-mutoyiba qilamiz, xotiralarga berilamiz, Tog’ay gung va kar odamdek, ularning hech biriga e’tibor bermas, bu vaqtda u o’ziga topshirilgan maqolaning ruhida, dunyosida yashayotgan bo’lar, boshlagan ishini bir hamlada nihoyasiga yetkazib qo’ymasa, tahrirga, to’g’rirog’i, «qayta yozish»ga kirishish uning uchun turgan-bitgani azob-uqubatga aylanardi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:18:06
Tabiiy, u nashrga tayyorlagan maqolalar badiiyligi, tilining shiradorligi bilan ajralib turardi, ana shunda jurnal rahbariyati nima sababdan Tog’ay Muroddek taniqli yozuvchini ishga qabul qilganining boisini tushungandek bo’ldim: o’sha kezlar jurnalda e’lon qilinadigan maqolalarning ta’sirchanligini, jozibasini yanada oshirish zarurati tug’ilgan, «Fan va turmush» sahifalarida o’zgacharoq uslub,  o’zgacharoq nafasga ehtiyoj tug’ilgan edi! Biroq Tog’ay Murod aksari ilmiy-ommabop maqolaning badiiy bo’yog’ini quyuqlashtirib yuborar, bu bilan maqolaning ilmiyligiga putur yetib qolardi. Ilmiy-ommabop maqolada ilmiylik va ommaboplik muvozanatini saqlashdek mushkul muammo yana va yana tortishuvlarga sabab bo’lardi.
Jurnaldagi ish tartibining yana bir o’ziga xosligi shunda ediki, har bir maqola kamida ikki muharrir qo’lidan o’tgachgina bosmaga ruxsat etilar edi. Tog’ay Murod esa o’zi tayyorlagan maqolaning qayta tahrirga berilishini sira hazm qilolmas, qayta tahrirda o’zgarishlar ko’payib ketishi uning izzat-nafsiga tegardi. U qo’liga qalam olib yozdimi, bas, boshqalarning maslahati bilan unga o’zgartirish kiritishga juda qiynalar edi. Umuman, Tog’ay Murod nihoyatda ko’ngli nozik, arzimas narsaga ham ranjib qoladigan odam edi, lekin bahslashganda aytgan so’zidan qaytmas, aksari bahsni bas qilib, jim bo’lib qolardi-da, xiyla fursat o’tgach, to’satdan o’rnidan turib ketar va boya to’xtagan bahsni kelgan joyidan davom ettirishga tushardi. Shunday paytlarda men uni juda avaylab, ko’ngliga og’ir botmaydigan so’zlarni topib, tushuntirishga harakat qilardim va niyatimga erishardim ham. Xususan, u tayyorlagan maqoladagi ayrim chalkash, noaniq raqam va ma’lumotlarni manbalardan ko’rsatib aniqlik kiritganda, Tog’ay yosh boladay duv qizarib ketar, ketidan samimiy jilmayib qo’yib, «Ha, mayli, o’zi¬ngiz tuzatib qo’ya qoling», deb yon berardi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:18:18
Oradan bir yil o’tdi, mening taxminim to’g’ri chiqdi, ya’ni Tog’ay «Fan va turmush» muhitini qabul qilolmadi. Ishga kelmay qoladigan kunlari ko’paydi. Bunday intizomsizlik... yo’q, bunday holatning aslida intizomsizlik emasligini farqlash uchun Tog’ay Murod shaxsini, Parvardigor unga ato etgan fe’l-atvorni tushunish kerak edi! Bir yildan ortiqroq u bilan birga ishlab, uni yaqindan kuzatgachgina u haqdagi ilgarigi tasavvurim o’zgardi. Yo’q, Tog’ay Murod boshqalarga bepisandlikni, kibr-havoga berilishni ham bilmas ekan. U o’z dunyosida yashaydigan, o’sha dunyosini sira tark etolmaydigan, bordi-yu, ittifoqo o’zini jisman o’rab turgan muhitga qaytguday bo’lsa, albatta, kimgadir ma’qul kelmaydigan, hatto g’ayritabiiy muomala qilib qo’yishi aniq edi.  Shu boisdan ham u hushiga kelgan ishni qiladi, hushiga kelgan odam bilan gaplashadi, qolgan hammasi uning uchun bekor. U hech bir narsada o’rtacha yo’lni bilmadi, murosa ko’chasiga yo’lamadi, o’zi bilan o’zi yashadi. Har qanday muhitga, har qanday davraga sig’avermagani uchun ham tabiatiga qarshi bormadi — yolg’izlikdan panoh topdi. Qizig’i, bu yolg’izlik dunyosini tish-tirnog’i bilan «qo’riqlar», hech kimsani «ichkariga» yo’latmas ham edi. Ba’zan o’ylab qolaman: Tog’ay o’zi uchun muqaddas deb bilgan va o’zidan boshqalarga sirliligicha qolgan ichki dunyosini asarlariga, asarlaridagi qahramonlari dunyosiga ko’chirib ulgurdimi-yo’qmi?.. Bir narsa deyish qiyin... Har qalay u o’zini  hech kimnikiga o’xshamagan asarlar yaratib qo’ygan va yana shunday asarlar yozishga qodir yozuvchi deb hisoblar, bunga zarracha shak-shubhasi yo’q edi. Ushbu aqidasida shu qadar qat’iy ediki, o’zi va asarlari to’g’risidagi na ijobiy, na-da salbiyroq mulohazalarga ko’pda qiziqavermasdi ham. «Kim nima deb gapiribdi, kim qanday taqriz yozibdi,  deb o’tirsangiz, ijod qolib ketadi, unday narsalarga mahliyo bo’lmay, qo’ldan kelganicha yozaverish kerak», der edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:18:30
Tog’ay Murodni eslaganda, yana ikki narsa xotiraga keladi. Bir  kuni suhbat asnosida, «Shukur Xolmirzaevning o’n hikoyasi» degan nom ostida kitob yozishni o’ylab yuribman, bu kitob Shukur akaning eng sara hikoyalari misolida jahon va o’zbek hikoyachiligi haqidagi hikoyalardan tashkil topadi», deb o’ylab yurgan niyatimni aytib qoldim.
— Yaxshi fikr,  yozing! Shukur akaning hikoyalari bunday kitobga arziydi!  — dedi Tog’ay niyatimni ma’qullab.
Keyinchalik onda-sonda uchrashib qolganimizda har safar: «Hikoyalar haqidagi hikoyalar bitdimi?» — deb o’sha suhbatni yodimga solar edi.
Ikkinchi g’alati hodisa paxta terimiga hasharga borgan kunlarimizning birida yuz berdi.
To’satdan Respublika komfirqasining rahbari Sharof Rashidovning vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi. Tog’ay, «Toshkentga boraman, dafn marosimida ishtirok etaman», deb turib oldi. Ruxsat berdik, Tog’ay poytaxtga ketdi. Bir kunga ruxsat olgan odam to’rt kunda qaytdi. Picha kayfi  bor ekan, tabiiy, martabali zotning dafn marosimi xususida gap ochildi. Tog’ay Murod dafn marosimi haqida gapirib berib o’tirdi-da,  hamxonalarimizdan birining, marhumni qaerga qo’yishdi, degan savoliga hech ikkilanmay, «Chig’atoy qabristoniga»,  deb javob qaytardi.
O’tirganlar hang-mang bo’lib qolishdi. Axir dafn marosimi Toshkentning qoq markazida bo’lib o’tdi-ku!
Harchand uqtirishga urinmaylik, Tog’ay Murod so’zidan qayt¬madi, nega meni urib yengasizlar, axir o’zim qatnashib keldim-ku, Sharof akani Chig’atoy qabristoniga qo’yishdi, ishonmasang¬lar, Toshkentga borganda ko’rasizlar, deb turib oldi. Oradan ko’p o’tmay Tog’ayning gapi hayotda o’z isbotini topdi...
Bu hodisani nima deb izohlash mumkin: rahmatlik birodarimizning tabiatida avliyolik bor edimi yoki shunchaki bir tasodifmi, buyog’i Yaratganga ayon...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:19:24
SAYFIDDIN   HODIEV


O’ZBEK  KURASHINI  JAHONGA
KO’TARGAN  ASAR


— Dunyoda ko’pgina xalqlar, o’zlarining hech bo’lmaganda bitta sportini jahon miqyosiga ko’targan. Bizdan esa jahonga ko’tarilgan  bittayam sport turi yo’q
—  Bu  o’zimizga   bog’liq...
«Yulduzlar  mangu  yonadi» qissasidan


O’sha yili boshimga ikki marta baxt qushi qo’ndi.
Ming to’qqiz yuz yetmish beshinchi yil. O’n birinchi sentyabr. Toshkent. «Salom» choyxonasi. Qashqadaryoliklar yig’ildik. Sababi, o’sha yili men sambo kurashi bo’yicha Minsk shahrida o’tkazilgan jahon chempionatida birinchi o’rinni egallab, jahon chempioni bo’lib kelgandim. Choyxonaga el tanigan polvonlar, yaqinlarim meni tabriklash uchun kelishdi. Bir payt bilaklari baquvvat, Alpomish kelbatli bir odam to’g’ri keldi-da, meni quchoqlab oldi! O’zimdan ham baquvvat bu odamni tanimas edim. U esa quchog’idan qo’ymay, negadir, ko’zlarida yosh bilan nuqul bir gapni takrorlardi:
— Rahmat, polvon! Rahmat sizga. Otangizga ming rahmat... Rahmat...
Bu odamning o’zim haqdagi aytgan hayajonli gaplarini eshitib, to’g’risini aytsam, ko’nglim ko’tarilganidan ko’zimda yosh qalqdi... Endi eslasam, men o’sha kuni davrimizning buyuk adibi bilan uchrashgan ekanman. Bu odam Tog’ay Murod edi! U bugungi uchrashuvni eshitgani zahoti, yo’lga chiqib, o’zi izlab topib kelibdi! O’sha kuni biz ikki soatcha gaplashdik. O’sha suhbat hayotimda katta iz qoldirdi. Shu-shu, biz tanish bo’lib qoldik. Biz ko’p ham suhbatlashmas edik. Lekin qalban bir-birimiz bilan birga edik, bir-birimizni boshqalardan ko’ra yaxshi tushuna olardik.
Tog’ay aka «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida meni ham tilga oldi. Bu narsa menga katta ta’sir qilgan, ruhlanib ketganman. Axir, chekka bir qishloqdan chiqqan, to’ylarda kurashib katta bo’lgan menday oddiy polvonni Tog’ay Muroddek katta yozuvchi o’z asarida aytib o’tishi katta baxt emasmi? Shu asar orqali ham nomimni butun el bildi. Bundan keyin ham biladi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:20:02
... Kim biladi, Tog’ay aka bo’lmaganda men bu qadar katta polvon bo’lmasmidim? Chunki men kurashning oltin qoidalarini Tog’ay Muroddan o’rgandim! U kishi aytgan «Polvon o’zini uch balodan: birinchisi — ayolbozlik, ikkinchisi — ichkilikbozlik, uchinchisi — nafs balosidan asrasin», degan hikmatiga men ham amal qildim.
Tog’ay aka kurashchi bilan kurashchi tilida, chavandoz bilan chavandoz tilida, dehqon bilan dehqon tilida so’zlasha olardi. Ularning qalbiga kirib bora olardi. Shuning uchun u kishi ularning xarakterini, ichki olamini besh qo’lday bilardi. Chunki Tog’ay aka asarlarining bo’lajak qahramonlarini oldindan kuzatib yurgan: bo’lajak polvon davraga qanday kirib kelyapti, qanday harakatlar qilyapti, ularning ruhiyatida qanday o’zgarishlar bor? Chavandoz  otda qanday yuribdi, u uzangiga oyog’ini qanday qo’y   yapti — hamma-hammasi o’ta sinchkovlik bilan o’rganilgan. Boisi, u kishining o’zi «Men go’dakligimdan davralarda kurashib katta bo’ldim», «Sattor chavandoz bilan qishloqma-qishloq yurdim. To’yma-to’y yurdim. Ko’pkarima-ko’pkari yurdim», degan edi. Shuning uchun ham qalamga olishda bu narsalar Tog’ay akaga qiyin bo’lmagan. Yozuvchi qancha qissa, qancha roman yozmasin, o’z qahramonlarini xalq ko’zi o’ngidagi oddiy odamlardan tanlagan. Asarlaridagi kishilar hayoti bilan real odamlar turmushini uzib qo’ymagan. Tog’ay Murodning iste’dodi shunda-da!

Tan olish kerakki, hamma narsani miridan-sirigacha qiziq, lo’nda, asosiysi, o’ziga xos tilda tasvirlash oson ish emas. Buning uchun, boya aytganimdek, juda katta e’tibor, sinchkovlik kerak. Tog’ay Murod kitoblarini har gal o’qir ekanman, shunga amin bo’laman, boshqa yozuvchilarda yo’q narsalarni  uchrataman.   Masalan,   yozuvchi   otni egarlaganda,  ko’pkariga  kirayotganda  unda  bo’layotgan  o’zgarishlarni maroqli qilib tasvirlaydi, otga ishlatiladigan har bir buyumning xususiyatlarini birma-bir sanab o’tadiki, beixtiyor, attang, shuncha  narsani bilmas ekanman-da, deb qolasiz. Yoki kurashda polvonlar kiyadigan yaktakni tasvirlashini olaylik yo bo’lmasa, uloqchining qo’lidagi qamchisini tasvirlashini  ko’ring. Ularning turlari, har bir turining o’ziga xos xususiyatlari o’rni-o’rniga qo’yib tasvirlangan. Chunki bu odamda hayotiy tajriba bor: u ot uzangisiga oyoq qo’yib, davralarda polvonlar bilan  yelkama-elka turib  kurashgan  inson. Kurashchi bo’lib kurashgan adib. Bu narsalarni u qalb ko’zi bilan ko’rib, his qila olgan.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:20:14
Tog’ay aka bilan bo’lgan o’sha suhbatimizda u kishi shunday degan edi:
— Sayfiddin, bilasizmi, kurash ajdodlarimiz — xalqimiz qoniga singib ketgan. Xalqimizning qoni toza, ildizi baquvvat. Bu narsa avloddan-avlodga irsiyat orqali o’tib kelyapti.
Bizning kurashchilarimiz polvonlik maktabida o’qimasa ham, maxsus joylarda tayyorgarlik ko’rmasa ham ularning o’zi shunday tayyor kurashchi-ku! Polvonlik bizga otameros, pushtdan-pushtga, qondan-qonga o’tib kelyapti. Polvonlikning ko’zga ko’rinmas, til bilan tushuntirib bo’lmas shunday sirlari borki, buni faqat tomirida polvonlik qoni borlargina biladi. Bu sirlar hech bir kitobda yo’q!
Eng mashhur kurashchilarimiz ham gilamlarda kurashmasdan, qishloqlarda bo’ladigan to’ylarda oddiy somon ustida, katta-kichik davralarda kurashib ulg’aygan, suyagi qotgan. Bizning kurashimiz boshqa yurt kurashlaridan nimasi bilan farq qiladi? Bizning kurashda erkakman degani tik turgan odam bilan olishadi! Ha, yerda yotgan odamga qo’l ko’tarmaydi!
Markaziy Osiyoda, xususan, bizning yurtimizda uzum, paxta kabi ekinlar azaldan ko’p ekiladi. Ularga tik turgan holatda ishlov beriladi, terib olinadi. Ya’ni harakat tepada bo’ladi. Boshqa joylarda esa, masalan, Rossiya tomonlarda paxta ekilmaydi-ku! U yerlarda ko’proq kartoshkaga o’xshagan ekinlar ko’p ekiladi. Unga esa egilgan holatda, yerlashib-erlashib ishlov beriladi. Bizning kurashchilar tepada, tik turgan holatda bajariladigan amallarga ko’proq moslashgan. Chunki aksariyat polvonlarimiz yoshligidanoq paxta dalalarida yer bilan salom-alik qilib, salom-alik qilib suyagi qotadi. Boshqa kurashchilar bilan biznikilar kurashi orasidagi farq ana shunda!
Tog’ay aka juda ko’plab bunday favqulodda o’xshatish, favqu¬lodda xulosa, favqulodda yangi-yangi fikrlar bildirgan edi. U kishi hamma narsani oldindan qalban seza olgan, o’zi qilajak bashoratlarning amalga oshishini chin dildan istab, shunga ishonardi. Birgina misol. Tog’ay Murod «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida qahramonlari  tilidan  shunday degan edi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:20:35
«Dunyodagi ko’pgina xalqlar o’zlarining hech bo’lmaganda bitta sportini jahon miqyosiga ko’targan. Bizdan esa jahonga ko’tarilgan bittayam sport turi yo’q.
— Bu o’zimizga bog’liq».
Endi o’ylab kuraylik. Bundan qariyb  o’ttiz yil muqaddam go’yo butun o’zbek xalqi nomidan aytilgan bu ezgu niyat, orzu-umid bugun amalga oshmadimi? O’zbek milliy kurashi jahon sport turi darajasiga ko’tarilmadimi? «Yulduzlar mangu yonadi» qissasidagi  personaj  o’z orzusiga erishmadimi?
Mening nazarimda, Tog’ay Murod o’z asarlarida xalq dardini, orzu-umidini, hayajonu g’ururini o’ziga xos, Tog’ay Murodcha, polvonchasiga talqin qildi.
Kelajak avlod... Darvoqe, biz hozir tarixiy topilmalar, san’at asarlari, obidalarga nazar tashlar ekanmiz, qadimda bu yodgorliklarni bunyod etgan buyuk, zabardast ajdodlarimiz o’tganini bilamiz. Shunda o’ylab qolamiz, demak,  bu tarixiy obidalar, san’at asarlari o’sha davrlarda shunday buyuk bobokalonlarimiz yashab o’tgani va bular ularning hujjati — pasporti ekanini, agar bu ashyolar bo’lmaganida buyuklarimiz o’tganiga ishona olmas ekanmiz-da? Kitoblari xalqimiz ma’naviy boyligiga aylanib qolgan Tog’ay Murodni ham kelajak avlod u kishining mangulik, kelajakka qoldirgan ana shunday pasporti — asarlari orqaligina bilishadi, u kishidek mashhur yozuvchi o’tganini tan olishadi. Bunga mening ishonchim komil.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:20:46
Men polvon sifatida kurashning ancha pog’onalarini bosib o’tdim. Erkin kurash, sambo, milliy kurash... Bu davr mobaynida ko’plab jurnalist, yozuvchi-shoir, ustoz-murabbiylar bilan muloqotda bo’ldim. Lekin ijodkorlar orasida Tog’ay Muroddek yozuvchini hali uchratmadim. Birgina men emas, ko’plab bosh¬qa polvonlarning ham shu fikrni aytganini bilaman. Tog’ay Murodning kurash haqida yozgan kitobini el tanigan mashhur polvonlarning ko’ziga surtib, asrab yurgani, hattoki, boshlariga qo’yib yotganini ko’rganman. O’zim o’sha «Yulduzlar mangu yonadi» qissasini o’ttiz martadan ko’proq o’qib chiqqanman. Boisi, kitob hammamizga juda yoqqan edi. Dunyoda sport haqida, kurash haqida, polvonlar haqida yozilib, nashr qilingan kitob¬lar ozmi? Jahonga dong’i ketgan ulkan kinokompaniyalar har yili polvonlar haqida minglab kinolar ishlab yotibdi. Lekin ularning hammasi Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi oldidan o’taversin!
Tog’ay Murod shunchaki yashamadi. U yangi polvonlik maktabini barpo etdi. Ammo bugun oramizda uning o’zi yo’q... U oramizdan erta ketdi... Polvonlarini yig’latib-yig’latib ketdi. Uning davralari sovib qoldi. Biz — polvonlar birodarimizdan ayrildik. Biz — o’zbek xalqi  buyuk   adibimizdan   judo bo’ldik...
O’zbek  kurashining ori uchun kurashgan adibimizning  oxirati obod  bo’lsin.
 Tog’ay aka, Sizning asarlaringiz qo’limizdan tushmas ekan, Siz o’lmaysiz. Siz yoqib ketgan yulduzlar porlar ekan, davralaringiz davom etaveradi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:21:47
MAHMUD SATTOROV

TOG’AY MURODNI TANISH

(Mustaqillik adabiyotining tug’ilishi)

Tog’ay Murod bilan universitetda bir davrda (1966-71) o’qiganmiz. U jurnalistika bo’yicha, men filologiya sohasidan saboq olganmiz.  U Surxondaryoda tug’ilgan, men Qashqadaryoda. Bir zamin, bir fe’lli odamlar farzandlari ekanligimiz shundan.
Sobir Mirvaliev «O’zbek adiblari» degan kitob yozadigan bo’ldi. Professor menga o’z kitobiga mas’ul muharrirlik qilishimni taklif etdi. Jon deb rozi bo’ldim. Mirvaliev Tog’ay  Muroddan  o’zi haqida ma’lumot ololmay  qiynaldi. Oxir-oqibat mendan iltimos qildi. Men Tog’ay Murodga qo’ng’iroq   qildim.
— E, do’st, — dedi u, — meni Mirvaliev degan professor yo’qlatibdi. Said Ahmad aytdi. O’zim   haqimda ma’lumot yozib   berar emishman. Yozib bermayman, dedim. Tanimagan odamimga o’zim haqimda fikr berolmayman, dedim...
— Siz menga quloq soling, og’ayni, — dedim unga. — Bu kitob  — ma’lumotlar majmuasi. O’zbek adiblari haqida ixcham sahifalardan iborat. Yuzdan   ortiq   yozuvchi   kirgan. O’zbekning eng zo’r nasr ustasi kirmay qolsa, uyat bo’lmaydimi!? Sizdan nima ketdi! Tanish-tanimaslikning nima ahamiyati bor?
— Sizga jonim   bilan, do’st, — dedi u. — Hamma   ma’lumotni   berib yuboraman. Said  Ahmad   kitobimga   yozgan   so’zboshi bor. Hali   e’lon qilinmagan. Shuni ham yuboraman. O’z tarjimai holimni ixcham bayon etib, qaerda tug’ildim, o’qidim, xizmat qildim, nima yozdim, hammasini aytaman. Faqat kitob chiqqach, 20-30 tasini menga berasiz. Pulimga olaman. Do’st-dushmanga, mana   men, deyman. Tog’ay   Murodman, deyman.   Men   haqimda yozishibdi, deyman. Ko’rsataman. So’raganlarga beraman. Kelishdikmi?
— Kelishdik, jo’ra,  — dedim. — Faqat  u ma’lumotlarni  Sizdan  qanday olaman? Ma’suma haliyam «G’afur G’ulom»dami?
— Ha,  o’sha yerda  muharrir, — javob qildi Tog’ay Murod.
— Unday bo’lsa, Ma’sumadan berib yuboring. Men juma kuni peshindan keyin borib olaman.
Ma’lumotlarni aytilgan kun G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotiga borib, yozuvchining turmush hamrohi Ma’suma Ahmedovadan oldim. Tog’ay Murodning tarjimai holiga doir sahifalar o’z qo’li bilan tomdan tarasha tushganday tik yozilgan edi. Said Ahmadning «Tog’ay Murodning qo’shiqlari» degan kitob so’zboshisi mayin bir ohangday jozibali, ipakday muloyim bitilgandi. Shular asosida men Tog’ay Murodning ixcham «portret»ini yozdim. Ayrim adabiy xulosalarni, xudoning o’zi kechirsin, Said Ahmaddan o’g’irladim. Yozuvchining ixcham portreti bu turur:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:22:32
TOG’AY MUROD

(1948)

Tog’ay Murod (Mengnorov) o’zbek milliy adabiyotining noyob vakilidir. U 1948 yili Surxondaryo viloyatining Denov tumani, Xo’jasoat qishlog’ida tug’ilgan. Shu qishloqdagi 43-o’rta maktabni 1966 yilda tugallab, o’sha yili Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o’qishga kirgan. 1972 yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan. Respublika radiosi «Vatandoshlar» tahririyatida bo’lim muharriri bo’lib 1976 yilgacha xizmat qilgan.
Tog’ay Murod 1973-1974 yillarda Armiya saflarida xizmat qilib qaytdi. 1976-1978 yillarda esa «O’zbekiston fizkulturachisi» ro’znomasida tarjimon, 1982-1984 yillarda «Fan va turmush» oynomasida bo’lim muharriri bo’lib ishladi. 1985-1987 yillarda Moskvada, M.Gorkiy nomidagi Adabiyot  institutida tahsil olib qaytdi. Yozuvchi o’z ijodini 1976 yili «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi bilan boshladi. Bu qissa o’zbek adabiyotiga tug’ma iste’dod egasi kirib kelayotganidan darak berdi. Qissada Bo’ri polvon, Tilovberdi, Abil polvon obrazlarida o’zbek milliy kurashi badiiy ifodasini topdi. Adibning 1979 yilda bitilgan «Ot kishnagan oqshom» qissasi bu umidni chinakam haqiqat, ishonchga aylantirdi. Asar bosh qahramoni Tarlon ot kitobxon qalbiga qadrdon bir odamday kirib bordi.
Yozuvchining 1980 yili chop etilgan «Oydinda yurgan odamlar» qissasi o’zbek milliy adabiyotining noyob namunasi bo’ldi. Qissa qahramonlari Qoplon va Oymomo farzand ko’rish ilinjida kun, oy, yillarni bir-biriga ulab yashashadi. Hali tug’ilmagan bolaning bobosi, momosi bo’lib zurriyotni, bir-birlarini ardoqlashadi. Asar qahramonlari fojiasi umid va yorug’likka to’la mungli, hazin qo’shiq qilib kuylanadi.
Tog’ay Murodning 1985 yili bitilgan «Momo-Yer qo’shig’i» qissasi o’z g’oyasi, adabiy yo’nalishi bilan o’zga qo’shiq - qissalaridan ajralib turadi. Qissada milliy zamindan oyog’i uzilgan, Vatan tuprog’ida yashab, yuragida yurt tuyg’usi bo’lmagan, 80-yillar mafkurasi qurboni, G’arb adabiyotiga sig’indi banda bo’lib qolgan ijodkor obrazi o’zbekona kinoya bilan tasvir etiladi.
Tog’ay Murod iste’dodli tarjimon hamdir. U 1974-1975 yillarda J.Londonning «Boyning qizi» dramasi va ko’pgina hikoya¬larini o’zbek tiliga ag’darib nashr ettirdi. 1989 yili E. Seton -Tom¬psonning hayvonlar haqidagi mashhur «Yovvoyi yo’rg’a» kitobini mahorat bilan tarjima qildi.
U 1986-1992   yillar   davomida   o’zining   ilk   romani   «Otamdan qolgan dalalar» asarini   bitdi. «Otamdan qolgan dalalar» — ramziy roman.   Unda umr  bo’yi  ketmon chopib, mustamlaka yurtda kosasi oqarmay kelgan o’zbek xalqi siymosi Dehqonqul obrazi timsolida tasvir etiladi. Yozuvchi ayni kamolot yoshida  yangi ijodiy niyatlar ustida ishlamoqda.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:23:15
* * *

Prezident Islom Karimov 1993 yili o’zbek ziyolilarini yig’ib, adabiyot, san’at, ma’naviyat to’g’risida suhbat qildi. Bu anjumanda Ozod Sharafiddinov, bugungi kunda ham o’zbekning yaxshi yozuvchi-shoirlari zo’r asarlar yozishayotganiyu faqat uni nashr qilish mushkul vazifa bo’lib qolayotganligini aytdi. Prezidentning «Qanday yangi, zo’r asarlar paydo bo’ldi?» — degan savoliga u Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romani bugungi kun o’zbek adabiyotida voqea bo’lgani, biroq uni chop etish oson kechmayotganligini kuyib-pishib bayon qildi.
Prezident: «Unday bo’lsa, Tog’ayga bir jurnal ochib beraylik, zo’r asarlarini bemalol chop etsin», degan fikr bildirdi. O’tkir Hoshimov so’z olib, jurnallar yetarli, jumladan, Tog’ay Murod asarini «Yoshlik» bosgani, «Sharq yulduzi» ham jon deb bosishini aytdi...

* * *

1998   yil   sentyabrida   Mustaqillik   bayrami munosabati bilan Tog’ay Murod romani asosida Shuhrat Abbosov rejissyorligidagi «Otamdan qolgan dalalar» to’rt seriyali kinofilm teleekranda namoyish qilindi. Keyin esa bayram oldi Davlat mukofotlari olganlar ro’yxatida Tog’ay Murodning ham «O’zbekiston xalq yozuvchisi» unvoniga  loyiq topilgani e’lon qilingandi. Bor ekan-ku haqiqat.

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:26:35
* * *

Sadriddin Ayniyning « Qullar» epik polotnosi 1931-1934 yillarda yozilib, 1934 yili o’zbek, 1936 yili tojik tillarida dunyo yuzini ko’rdi.
Romanda qullar ijtimoiy taqdirining uch bosqichi uch avlod misolida tadrijiy bayon etiladi. Tarixiy jihatdan adib O’rta Osiyo hayotining 1825-1932 yillar — bir asrdan ziyod bosqichining badiiy kartinasini yaratdi.
Tog’ay Murod XX asrning so’nggi choragida yaratgan «Otamdan qolgan dalalar» romanida ham qullik mavzusiga qaytib, tarixiy yaxlit bir bosqichni 1865-1991 yillar — 126 yillik asorat, milliy mahdudlik, muteligu o’zga xalqqa qaramlik davrini qalamga oldi.
«Qullar»da Ayniy Abdurahimboyning intellektual (fikr¬lovchi) mulki Nekqadamni birinchi avlod vakili sifatida tasvirlasa, Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar»da pokiza chorbog’ida nogahon iflos cho’chqa oralagan Jamoliddinning o’z ruhi va ro’zg’orini yangilash yo’lida bu jannatmakon manzilni tark etishini birinchi avlod qismati sifatida talqin qiladi.
Bu ikki zamondoshning farzandlari bo’lmish ikkinchi avlod vakillari «Qullar»dagi Ergash, «Otamdan qolgan dalalar»Â¬dagi surxoni Aqrab obrazlarida andak o’xshashlik bor. Bu yaqinlik har ikkisining inqilob — «qizillar» saltanati dastlabki davr avlodlari ekanligida ko’rinadi.
S.Ayniy talqinida Ergash «qizillar»ga moyil, «qizillik»Â¬dan moddiy va ma’naviy manfaatdor. «Qizillik» uning taqdiri, unda hech qachon bo’lmagan hokimiyat garovi. Tog’ay Murod tasvirida esa surxoni Aqrab («Surxon» so’zida Vatan ramzidan tashqari, «qizil» ishorasi ham bor — M.S) zamonasining Jaloliddin Manguberdisi kabi qo’ldan ketgan erkini qaytarish, bosqinchini mo’’tabar Vatandan haydash maqsadida yashaydi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:27:06
Ayniyda qizillar libosini kiygan «xaloskor» Ergash, Tog’ay Murodda «bosmachi» yorlig’ini olgan fidoyi Aqrab bir millat, bir zamin, bir zamon farzandlari, tengdoshlar. Ikki qutbdagi bu ikki xarakter ikki san’atkor talqinida bir zamonning ikki qahramoni darajasiga ko’tariladi. Ergash — novator, yangi tuzum tarafdori, sovetparast. Aqrab — konservator, eski tuzumni yoqlovchi millatparvar.
Ayniyda, Ergash — quyoshi chiqayotgan, bozori qiziyotgan   qatlam yo’qsillar, qullar, yalangoyoqlar — hammaning   o’ziday, birday   bo’lishini istaydigan inqilobchi.  Tog’ay Murodda, Aqrab — quyoshi so’nayotgan, bozori qaytayotgan, bor mol-davlati erku   haq-huquqiga  qo’shib talon-toroj qilingan abgor shaxs. Uchinchi avlod vakili Safarqul — qul bozordan sotib olingan Nekqadamning nabirasi. «Qizil»lar zamoniga kelib, qishloq sovetining raisi — xo’jayinga aylandi. U endi jamiyatning oldi, avomning boshi.
Yozuvchi Tog’ay Murod romanining uchinchi   avlod   vakili — Dehqonqul bir nobakor, ota-bobolari, avlodu ajdodlarini, umuman,  odamligini mutlaqo unutib bo’lgan manqurt.
Sadriddin Ayniy — quldan xo’jayinlik darajasiga ko’tarilish dinamikasini badiiy haqiqatga aylantirsa, Tog’ay Murod xo’jayindan qulga aylanish jarayonini adabiy san’at qilib ko’rsatdi. Nazarimda, Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romani va Sadriddin Ayniyning «Qullar» epopeyasi bilan o’zbek xalqining qullik psixologiyasi nihoyasiga yetdi. Nihoyasiga yetgani, barham topgani rost bo’lsin...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:27:36
Judolik


2003 yilning 27 may kuni shum xabar olamni tutdi. Shu kun o’zbek xalqi sevimli farzandidan, katta milliy adibidan judo bo’ldi. Shu kun tongda Tog’ay Murod foniy dunyoni tark etdi.
Sevimli adib o’limi o’zbek xalqi, muxlislar qalbini vayron etdi. Ayniqsa, Tog’ay Murodni surxonliklar dillari ku-yib, yodga oldilar. O’sha kunlarda «Chag’oniyon» gazetasida e’lon qilingan shoir Nasrulloning «Marsiya»si kuygan ko’ngillarga tasalli bo’ldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:28:18
Marsiya

(O’zbekiston xalq yozuvchisi Tog’ay Murod xotirasiga)

Yog’ib turdi tinmay yomg’ir, jalalarim,
Quchog’ingdan iskab maysa, lolalarim.
Hay, otamdan qolgan mening dalalarim —
Oqshomingda kishnab-kishnab bir ot o’tdi.

O, u tulpor oshno edi nur, ziyoga,
Ustoz edi dunyo degan avliyoga.
Shogird tushib, Tesha bilan Mengziyoga,
Yurish qilib bir shoh o’tdi, bir mot o’tdi.

Ayt, u shohing avommidi avomingdan?
Kecholmadi qo’ng’irotcha zaboningdan.
Adabiyot! Ko’rib qo’ygin, ayvoningdan
Bitta o’zbek — bir  sart, bir qo’ng’irot o’tdi!

Kim edi u, ayt, odamlar orasida,
Yo Shamsmidi Chag’oniyon kurrasida.
Ko’hi Qofdan Vaxshivorning darasiga,
Tobut olib Boychibormi, G’irot  o’tdi.

Ajal o’lim yo xilqatmi, bilib bo’lmas,
Bu dunyoda aslo bedor bo’lib bo’lmas.
Bedor bo’lsang — bu dunyoda o’lib bo’lmas,
Vujudimdan borliqqa shu faryod o’tdi.

Do’stlar,
Oramizdan Tog’ay Murod o’tdi...
Yog’ib turdi tinmay yomg’ir, jalalarim...
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:29:07
SHODMON OTABEK

O’ZI HAM,  IJODI  HAM  BETAKROR

Tog’ay Murod adabiyotga, atoqli yozuvchi  Said Ahmad iborasi bilan aytganda, tutab emas, yonib kirib kelgan edi. Adabiyot san’atning shunday qiyin, murakkab turiki, unga butun borlig’i, hayot tarzini baxshida qilganlargina umrboqiy asarlar yaratish baxtiga muyassar bo’la oladilar. Rahmatlik Tog’ay Murod shunday baxtga sazovor adiblardan edi. U nisbatan qisqa umrini to’la-to’kis adabiyotga bag’ishlagan edi. Balki shu boisdandir, uning yozganlari orasida «ikkinchi navi — chiqiti» bo’lmadi. Har bir yozgan asari adabiyot osmonida chaqmoqday chaqnab, yorqin yulduz bo’lib qolaverdi.
Biz Tog’ay Murod bilan deyarli tengdosh, adabiyotning ma’naviy hayotda katta nufuzga ega bo’lgan adabiy muhit va adabiy jarayonning jo’shqin bir pallasiga guvoh bo’lgan avlodmiz. Esimda, bu davrda iste’dod bilan yaratilgan har bir asar tezda tilga tushib, qo’lma-qo’l bo’lib ketar, turli bahs-munozaralarga sabab bo’lar edi. Tog’ay Murodning ilk qissasi — «Yulduzlar mangu yonadi» ana shunday asarlardan biri edi. Yozuvchi ana shu ilk jiddiy asari bilan kitobxonlar qalbiga yo’l topdi. Keyingi asarlarining dovrug’i esa bundan ham baland bo’ldi. «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» kabi birin-ketin e’lon qilingan qissalari va nihoyat «Otamdan qolgan dalalar» romani adabiyotimizda o’ziga xos betakror voqea bo’ldi. Bu asarlar, avvalo, xalqchilligi, Surxon odamlari xarakterining samimiy, mohirona tasviri, tilining jozibasi bilan ajralib turadi.
Adabiyotimizda paxtakorning zahmati, fojiasi, dardu quvonchi va armonlarini yorqin badiiy bo’yoqlarda ifodalagan salmoqli asarlar ko’p emas. Ne baxtki, Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romani bilan ana o’sha kemtikni to’ldirdi. To’ldirdigina emas, yozuvchining o’z iborasi bilan aytganda, o’zbek xalqiga haykal qo’yib ketdi. Bu asar taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan kino ham qilindi. Bu haqda bir kuni Tog’ay Murod shunday degan edi: «Shuhrat akaning o’zi menga telefon qilib, romaningizni kino qilsak, maylimi?» — deb so’radi. Men rozi bo’ldim. Chunki hozirgi vaqtda bizda Shuhrat akadan zo’r rejissyor yo’q».
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:29:21
Rahmatlik kinoning ham romani kabi zo’r bo’lishini, umuman, hamma narsaning, jumladan, shon-shuhratning ham  zo’r bo’lishini istar, shu boisdan ham asarlarini o’z e’tiroficha, g’animlariga o’zini bir ko’rsatib qo’yish uchun yozganligini tortinmay ta’kidlagan ediki, yozuvchining bu fikri bilan andak bahslashish ham mumkin. Balki rahmatlikka zo’r asar yozishida ana o’sha «o’zini ko’rsatib qo’yish» istagi qo’l kelgan bo’lishi ham mumkin... Ammo asosiy haqiqat shundan iboratki, yozuvchida Olloh tomonidan berilgan iste’dod bo’lmasa, ming chirangani bilan yaxshi asar yarata olmaydi. Tog’ay Murodda, avvalo, ana o’sha tabiiy iste’dod bor edi. Hamma gap ana shunda. To’g’ri, har bir insonning hayot yo’lida yaxshi-yomon odamlar uchraydi. Tog’ay Murod ham bundan mustasno emas. Har qanday iste’dodning ijod yo’li hech qachon ravon, bir tekis bo’lmaydi. Iste’dodni ko’rolmaydiganlar hamisha, hamma zamonda bo’lgan va bundan keyin ham bo’ladi. Lekin Tog’ay Murodning atrofida unga xayrixohlar ham ko’p edi. Oxir-oqibat, iste’dodining qadriga yetadiganlar tufayli ham yetuk yozuvchi sifatida tan olinib, Tog’ay Murod bo’ldi-da!..
Ushbu oddiy haqiqatni e’tirof etish joiz. Yuqorida Tog’ay Murod butun umri, hayot tarzini adabiyotga, yozuvchilikka bag’ishlagan edi, dedik. Balki shu boisdandir, u odamlarga qo’shilmayroq, xonanishin bo’lib, ya’ni haqiqiy yozuvchi qanday hayot kechirishi kerak bo’lsa, shunday hayot kechirdi. Buning uchun uni ayblash o’rinsiz. Ayni chog’da u ko’ngliga o’tirishib qolgan, diliga yaqin odamlar bilan ancha iliq munosabatda bo’lardi. Ming to’qqiz yuz yetmishinchi yillarda «O’zbekiston madaniyati» (hozirgi «O’zbekiston adabiyoti va san’ati») gazetasining nasr bo’limini shoir, yozuvchi Qamchibek Kenja boshqarar, Tog’ay Murodning ilk mashqlari ham shu gazetada bosilib turardi. Qamchibek bilan biz kursdosh va do’st edik, tez-tez ishxonasiga borib turganimda, Tog’ay Murodni ham o’sha yerda uchratar edim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:29:37
Tog’ay Murodning fe’l-atvoridagi «g’alati»liklar haqida ko’p gapirish mumkin. Esimda, bir kuni poytaxtning «Zangori gumbaz» choyxonasida shoir Shukur Qurbon, Tog’ay Murod va kamina gurunglashib qoldik. O’sha kezlarda bu fayzli joyda ijodkorlar tez-tez uchrashib turardik. Nogoh suhbat mavzusi kimning yoshi nechada ekanligiga kelib taqaldi. Shunda ma’lum bo’ldiki, davrada o’tirganlarning eng «qarisi» (agar yanglishmasam, o’shanda hali uylanmagan, yoshim ham nari borsa, yigirma to’rt-yigirma beshlarga borgan edi) men edim, bu mening o’sha lahzadagi eng katta «aybim» edi. Suhbatdoshlarim biri olib, biri qo’yib, mening «qariligim»ni yuzimga solishar, men esa aybsiz aybdorday o’zimni oqlashga qiynalib xit bo’lar edim. Axiri chidolmay, «portlab» ketganman: «Hey, menga qaranglar, men ellikka kirganimda biring (Tog’ay Murod) qirq sakkizga, yana biring (Shukur Qurbon) qirq beshga to’lar ekansizlar. Xo’sh, nima bo’pti, shunga ham ota go’ri — qozixonami?»
Shunda hammamiz bir-birimizga qarab turib, xaxolab kulib yuborganmiz. Fe’l-atvorimizdagi  o’shanday bolalarcha soddalik, beg’uborlik ancha vaqtgacha tark etmagan ekan-da...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:29:48
Tog’ay Murod kursdosh do’stlaridan taniqli shoir Mirpo’lat Mirzoni o’ziga yaqin olar, u ham do’stining murakkab fe’liga yarasha muomala qilib, ko’ngliga yo’l topar, sadoqat ko’rsatar, asarlarining muhokamalarini kuydi-pishdi bo’lib uyushtirar, Tog’ay Murodni ko’rolmaydigan ayrim olifta g’alamislarning shashtini qaytarar edi. Tog’ay Murod mukofot va unvonlar olganda Mirpo’lat bilan uyiga borib, tabriklab kelardik; yozuvchining sadoqatli, jafokash ayoli,  o’zi ham  yaxshigina qalamkash Ma’sumaxonim parvona bo’lib, qo’lbola palov qilar, mehmonlarning ko’nglini ko’tarardi. Bunday paytda Tog’ay Murod ochilib-sochilib, yayrab o’tirar, yaxshigina  gurung berar edi.
Tog’ay Murod ma’lum muddat kamina bosh muharrirlik qilgan «Xabar» gazetasida tahririyat a’zosi edi. Ko’cha-ko’yda uchrashib qolsak, yana: «Men faqat «Xabar» gazetasining tahririyat a’zosiman, ha!» — der, uning hazil aralash aytgan so’zlarida faxr ham bor edi. Gazetaning yaxshi chiqayotganini aytib qolar, ayniqsa, gazetaga hazrat Navoiyning «Erursan shoh, agar ogohsen, Agar ogoh sen-sen, shoh sen-sen» degan shoh baytini shior qilib olganimiz ayni muddao ekanini ta’kidlar edi.
Tog’ay Murodning hayotdan erta ketgani adabiyotimiz uchun katta yo’qotish bo’ldi. Ko’ngilga taskin beruvchi yolg’iz tasalli shuki, undan kitobxonlar hamisha suyib, qiziqib, qidirib o’qiydigan umrboqiy asarlar qoldi.
Tog’ay Murod ijodi yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining yirik, taniqli namoyandalaridan biri sifatida hamisha ardoqli va azizdir. Biz esa uning porloq xotirasi oldida   hamisha   burchlimiz.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:30:42
SATTOR ALIMARDONOV

MENING BOLALIK DO’STIM


Adashmasam, o’n  bir  yoshlarda  edim. Tok  kesish  mahali  bo’lsa  kerak, otam  rahmatlik bilan birga kechqurun bog’dan qaytayotgan edik. Yo’lda menga tengdosh bola ozroq o’tin orqalab olib, bir kishiga ergashib kelayotgan ekan. Otam u kishi  bilan salomlashib:
— Qani, Abdug’afforboy, yigit ham katta bo’lib qoldimi? — deb so’radi.
O’z navbatida u odam  ham:
— Xudoga shukr, yigit bo’lib qoldi, bog’ning tokini tashib yotibdi. Ko’rmaganmisiz,  to’ylarda olishib turadi, — dedi.
Vaqti keldi, olish  bo’ldi. Ikkalamizni olishtirishdi. Uzoq kurashdik, g’olib bo’lmadi. Otamning bizlarni  ajratib aytgan shu gaplari esimda qolgan:
— O’g’lim, sen kurash tushgan bolaning oti Tog’ay, bizga qo’shni o’tiradigan Bahor momoning nevarasi, Tojixolning o’g’li bo’ladi. Otasini Bo’riboy degich edi. Mol do’xtiri edi, o’lib ketdi rahmatlik.
"¦Biz tug’ilgan qishloqni Xo’jasoat deyishadi. U juda katta qishloq —  hozir o’n ming aholisi bor. Xo’jasoat ikkiga bo’lingan: Past qishloq, Yuqori qishloq. Surxondaryoning nomdor polvonlari shu yerda tug’ilgan. Hozirgacha O’zbekistonning har yeridan polvonlar kelib turadi. To’ylarda ikki qishloq polvonlari tarafma-taraf olishishgan, agar chekkadan polvon kelsa, bir taraf bo’lgan. Keyinchalik ana shu  to’ylar, ana shu kurash, ko’pkarilar Tog’ay Murodning mashhur qissalarida aks etdi, o’zbek kurashini, ko’pkarisini dunyoga tanitdi.
Biz Tog’ay bilan ana shunday tanishib, topishib oshna bo’lganmiz. Maktabda o’qib yurganimizda har kuni ko’rishib, salomlashib turar edik, sal keyinroq bir-birlarimizning uylarimizga ham borib keladigan qalin o’rtoq bo’lib qoldik.  Tog’ay bolaligida juda orasta kiyinar  edi — kiygan kiyimiga gard yuqmas edi. Bu kiyim-kechakning taxchilligida emas (60-yillarda ust-bosh unchalik mo’l emasdi), chiroyli kiyimini avaylab saqlash uning o’ziga xos odati edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:31:44
Sal esayganimizdan keyin u tish cho’tka va pasta sotib olib, tishlarini parvarish qilib boshladi. U tishlarini ko’z-ko’z qilib maqtanishni yaxshi ko’rardi. Bu narsa kundaliklarida ham aks etgan — har bir kunning yakunida tishlarimni yuvib yotdim, degan so’zlar bo’lardi. Ana shu orastalik, ozodalik uning asarlarida ifodasini topdi. Darvoqe, Tog’ay juda yoshligidan xotira daftar tutib, uni muntazam yuritib turar edi. Uning keyinchalik, katta yozuvchi bo’lib ketishida ana shu kundalik — xotiralarning ham beqiyos yordami bo’lgan, deb o’ylayman.
Tog’ay bizning jo’raboshimiz edi. Uning aytgani aytgan, degani degan bo’lardi. U tanani chiniqtirishni yaxshi ko’rardi: qorda yuvinishni, Izmolining soyigacha (3-4 chaqirim masofa ) yugurib borib kelishni, qish paytlarida ariqning muzini yorib cho’milishni yoqtirardi va bizni ham shunga majbur qilar edi. Mengboy, Muhammadi, Ziyod, Bozor Katta (yoshi ulug’ligi uchun) Abdurahmon, Avaz birga yurar edik. Qishki gurunglarimiz ko’pincha Muhammadilarnikida bo’lardi, chunki ularning bo’lak mehmonxonasi bor bo’lib, Tog’ay uni  «Kal tom», deb atardi. Bunga sabab uy Xorazm usulida qurilgan, yana bir tomoni Muhammadilarning uylari yonida qishin-yozin bir ariq suv oqib yotardi.  Yozda  esa bizning gurung markazimiz  Ziyodlarning tomi ustiga ko’char  edi. U mahallarda Xo’jasoat haqiqiy qishloq, ya’ni qishlaydigan joy bo’lardi: odamlar qish chiqishi bilan o’toviyu  kapasini olib, echki-qo’y, moli bilan dashtga ko’chib chiqar, uzum tugashi bilan to’g’ri boqqa ko’char, qishloqda deyarli hech kim qolmas edi. Biz huvillab qolgan qishloqni yozning qisqa va g’aroyib oqshomlarida yulduzlarga tikilib (yoshligimizda osmondagi yulduzlar katta-katta bo’lardi  shekilli) tong otdi gurunglar bilan  obod qilib turar edik. 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:31:57
Kunduz kunlari bug’doy o’rib qaytar edik. Kimdir gap topib kelar edi: «Jo’rahoji boboning qovuni pishibdi, ertalab o’tayotsam, sap-sariq bo’lib yotibdi, o’lay agar, o’z ko’zim bilan ko’rdim». Charchoqlar  unutiladi, yarim kechasi to’nlarni kiyib olib (to’nning ikki bari — o’ngiri qaytarilsa, tayyor xalta bo’ladi) qovun o’g’irlikka  jo’naladi. Qorong’i kechada o’lja — qovunlarni yorib, yeb boshlaysiz, mazasi qovunnikiga o’xshamaydi, boshqasini yorasiz, yana shu holat. Shunda pastga — chiroqqa olib tushib ko’rsak, Hoji boboning oshkadi (oshqovoq)larini uzib kelgan bo’lamiz. Bu gapni topib kelgan jo’ramiz Abdurahmon Istil esa oshqovoq po’chog’i  bilan  do’pposlanadi.   
"¦ Afsus, ming afsus, Tog’ay Murod bizning  ana shu sirli, sehrli  o’spirinlik  davrimiz haqida ajoyib bir qissa yozmoqchi edi, gurunglarimizda aytgandi, vaqt bevafolik qildi.
Qish kechalarida bir-birimiznikida yotib qolib, dars tayyorlar edik. Tog’ayning alohida o’z xonasi, yozuv stoli bo’lardi. Yozuv stoli tepasida dunyo xaritasi osig’liq turar va Tog’ay unda mashq qilishni yaxshi ko’rardi.                             
Men sinfkom edim va barcha fanlardan yaxshi o’qishga harakat qilardim. Bir kuni Tog’ay shunday deb qoldi: hamma fanlarni o’zlashtirib ololmaysan, buning imkoni ham yo’q. Shuning uchun o’zingga yoqadigan biror-bir fanni tanla va uni durustroq o’rgan, maktabni bitirganingda kerak bo’ladi.
U ana shunday mustaqil va to’g’ri fikrlaydigan, o’rinli maslahat  bera oladigan aqlli bola edi.
Tog’ay bir kuni maktabga kelmadi, sababi bo’lmasa, u umuman dars qoldirmas edi. (Bu voqea, adashmasam, 1963 yilning aprel-may oylarida bo’lgandi.) Sababini bilish uchun darslar tugagach, ularnikiga bordim. U bir o’zi choy ichib o’tirgan ekan, kayfiyati ko’tarinki,  ko’zlari yonib turardi.
— Bilasanmi, qaerda edim, — deb so’z boshladi  u, — Denovga, «G’alaba uchun» gazetasiga  bordim, Chori Yoqubov degan kishiga bir-ikki hikoyamni olib borgandim, maqtadi, g’ayrat qiling, dedi. Endi gurunglarni kamaytirib, ko’proq o’qishim, yozishim kerak bo’ladi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:32:20
Ana shu voqeadan keyin u adabiyot bilan, ijod bilan jiddiyroq shug’ullanadigan bo’ldi. Avvalgi  o’yinqaroq  bolalik ortda qolgan edi. Tog’ay yoshiga nomuvofiq tarzda jiddiylashgan va o’ychan bo’lib qolgan edi.  «O’zbekiston xalq yozuvchisi» degan yuksak unvonga olib kelgan yo’l ana shunday boshlangan edi.                                 
1966  yil ham yetib keldi. Maktabni tamomlab, Samarqandga yo’l oldik. Aprel  zilzilasidan keyin Toshkent oliy o’quv yurtlariga qabul Samarqandda bo’layotgan edi-da. Tog’ay ToshDUning huquqshunoslik fakultetiga o’qishga kirdi, men esam SamDUning  filologiya fakultetiga imtihon topshirib, mandatdan qaytdim va bir yil maktabda  o’qituvchilik qildim. U meni juda chiroyli qilib, «maalim», deb  atardi.               
1967 yil yozida ToshDUning  filologiya fakultetiga kirib, to’rt yil davomida  Tog’ay bilan deyarli birga bo’ldik, yaxshi-yomon kunlarni  birga  o’tkazdik.     
Men uning o’qishdan  keyingi hayotini yaxshi  bilmayman. Mening  kenja  ukam Ibrohim  Qishloq xo’jalik  institutida  o’qidi. Uning xotirlashicha, Tog’ay  ularning  yotoqxonalariga  onda-sonda  borib  turgan. Ibrohim, Tog’ay  aka  horg’in-tolg’in, ust-boshlari  nochor  bo’lardi, deydi. Bu davr uning   hayotidagi  tushkunlik davri  edi. U bularning  baridan  eson-omon o’tib  oldi.
Tog’ayning  irodasi  kuchli  edi.  Boshidan o’tgan  shuncha ko’rgilik-savdolarni  yolg’iz o’zi yenga oldi. Menimcha, har qanday inson boshiga bunday savdolar tushsa, aqldan ozishi tayin.¬ Ammo u bari qiyinchiliklarni mardona yengdi. Tog’ay juda qat’iyatli edi.   
    Xudoning suygan bandasi edi  u, boladay beg’ubor, ishonuvchan. Shuning uchun ham Olloh uni ulkan hamda ezgu ishga boshladi — o’zbek  adabiyotiga xolis xizmat qildi, xalqning  sevikli adibiga aylandi. Iloyo Olloh uni o’z marhamatiga olgan  bo’lsin.     
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:33:10
SAHOBIDDIN XOLMATOV

MANGULIKKA  DAXLDOR IJOD

O’zbekiston xalq yozuvchisi, Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti laureati,  katta adib, mohir tarjimon, «Oydinda yurgan odamlar», «Ot kishnagan oqshom», «Yulduzlar mangu yonadi» kabi  qo’shiqday dilbar qissalari, «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» singari mashhur romanlari bilan keng o’quvchilar ommasi e’tiborini qozongan iste’dodli yozuvchi Tog’ay Murod oramizdan ketdi. O’zbek adabiyoti iqtidorli yozuvchisidan judo bo’ldi.
O’lim, judolik naqadar og’ir! Agar Tog’ay Murod uzoq yashaganida edi, kitobxonlarga bundan-da ko’proq, bundan-da teran asarlar hadya etishi turgan gap edi. Yozuvchi o’zining so’nggi yozgan romanini «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» deb nomlagan edi. Lekin o’lim hammamiz uchun bir kun haq ekan. Birov oldin, birov keyinroq... Afsuslar bo’lsinkim, Tog’ay Murod ham dunyodan barvaqt  ketdi, 55 yoshida olamdan o’tdi.
Iste’dodli yozuvchining go’zal Farg’ona vodiysi, xususan, tumanimizga hurmat-e’tibori beqiyos bo’lganligini ko’pchilik muxlislar bilishmasa  kerak. Ana shu bois Tog’ay Murodning hayot yo’li, ijodi haqida qisqaroq bo’lsa-da, o’z qarashlarimizni bayon qilishga jazm  ayladik.
...Olis Surxondaryo viloyatining Denov (hozir Oltinsoy) tumanidagi Xo’jasoat qishlog’ida tug’ilgan Tog’aymurod Meng¬norov 1966 yili o’rta maktabni tugallab, ToshDUning huquqshunoslik fakultetiga o’qishga kirdi-yu, bu fakultetda bir  yilcha tahsil olib,  negadir  ko’ngli  to’lmay,  o’qishni  jurnalistika  fakultetiga ko’chirdi. Ana shundan boshlab Tog’ay Murod mazkur satrlar muallifi bilan kursdosh bo’lib  qoldi.
Tog’ay  Murod  bu  fakultetda o’qir ekan, talabalar orasida o’zga bir olam edi. Garchi uning dastlabki yozgan hikoyalari o’sha vaqtda talabchan yozuvchi Asqad Muxtor muharrirlik qilayotgan «Guliston» jurnalida tez-tez bosilib tursa-da,  havolanmas, o’zini sipo tutar, o’qish va izlanishdan charchamasdi. Tog’ay Murodning matbuotda e’lon qilingan har bir ijodini biz ko’pchilik kursdoshlar katta quvonch bilan kutib olar, undan kelgusida iste’dodli yozuvchi yetishib chiqajagiga ishonar edik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:33:24
Darhaqiqat, shunday bo’ldi ham. Tog’ay Murodning 70-90-yillari yozgan qator qissa, romanlari yangicha uslubda bitilganligi, tilining jozibadorligi bilan adabiyotimizda o’ziga xos bir yangilik bo’ldi, uning  iste’dodiga barcha tan berdi. Tog’ay Murod asarlari bilan yaqindan tanishgan, uni sevib mutolaa qilgan har bir o’quvchi  buni  yaxshi biladi.
...Tog’ay Murod dastlab 1970 yili tumanimizga kelgan bo’lsa, uning keyingi tashrifi 1975 yilga to’g’ri keldi. O’shanda u Respublika radiosining chet  elga eshittirishlar beradigan «Vatandoshlar» tahririyatida   muxbir bo’lib ishlar edi.
Tog’ay Murod tumanimizga kelib, o’sha paytlardagi tuman rahbarlaridan   Alijon Payg’omov huzurida bo’larkan, unga o’z maqsadini aytganida, u behad xursand  holda: «Rahmat, o’g’lim, umringizdan baraka toping, shunchalik bizni yo’qlab Toshkentdan kelibsiz, tumanimiz mehnat ahlining hayotini dunyoga tanitmoqchi bo’libsiz, minnatdormiz sizdan!» —  deganlari hamon yodimda.
O’shanda Tog’ay  Murod tumanimizda bir necha kun bo’lib, ko’plab dongdor kishilar bilan suhbatlashgan,  ularning dil so’zlari, orzu-intilishlarini magnit tasmasiga tushirib, efirga bergan edi. Radiojurnalist Tog’aymurod  Mengnorovning tumandoshlarimiz Mehnat qahramonlari — Oyshaxon Yo’ldosheva, Risolatoy Ergasheva, paxtakorlardan Dehqonboy,  bog’bon Quvvatali  Rasulov haqidagi ta’sirchan radiolavhalari Respublika Teleradio qo’mitasi tomonidan ma’qullanib, tashakkurnoma olgan edi.
Ha, O’zbekiston xalq yozuvchisi, takrorlanmas iste’dod sohibi,   viloyatimiz, tumanimiz ahlini behad sevuvchi,  ular  haqida asarlar bitgan  ijodkor Tog’ay Murod  to’g’risida ko’p va xo’p yozish mumkin. Tog’ay Murod bugun oramizda yo’q bo’lsa-da, undan  adabiyotimiz uchun boy meros qoldi. Hali Tog’ay  Murodning  mahorat bilan yozilgan hikoya, qissa va romanlari, tarjima asarlari ko’plab nusxada nashr qilinishiga, ular millionlab kitobxonlar tomonidan sevib o’qilishiga ishonamiz. Chunki mangulikka daxldor bu asarlarni muxlislar yillar osha emas, asrlar osha o’qiydilar, o’qiyveradilar"¦
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:34:35
TOJIDDIN RAZZOQ

TOG’AY  MUROD

Shoirlar  Xudoning qarollaridir.
N.Gumelev.

1. Men Tog’ay Murodni yuzdan oshib ketsa kerak, deb  yurardim, chunki u sigaret chekmas, deyarli har kuni badantarbiya mashq¬lari bilan shug’ullanar,  har qanday sharoitda yugurishni kanda  qilmas, buning ustiga, boshlig’idan  dakki eshitaverib, sochi oqarib ketadigan vazifalarda ham  ishlamas, Xudo bergan rizq¬qa qanoat  qilib, ya’ni bizga o’xshab, imorat solaman, mashina olaman, elga to’y beraman deb o’zini o’tga-cho’qqa urmas, o’tirib... ijod qilar edi. To’g’ri, «ijod qildim»,  degan  iboralar mening g’azabimni qo’zg’aydi, lekin hamma shunday yozgandan so’ng mening qo’limdan nima kelar edi.
Bu masalada Mark Tven boplagan.  «Yozuvchi bo’lish uchun nima qilish kerak?» — degan xonimga: «Qog’oz, qalam topasiz-da,  kallangizga kelgan  fikrni chapdan o’ngga qaratib yozib ketaverasiz», deb javob bergan.   Qog’oz bilan qalamni topish mushkul emas, lekin kallaga fikrning kelishi,  fikr egasining ixtiyorida emas — bunga iqror bo’lmoq uchun hech bo’lmaganda Farididdin Attor va Alisher Navoiy  hazratlari  bayon qilgan  Shayx San’on qissasini yigirma, o’ttiz, balki yuz marta, to yod bo’lib qolguncha o’qishning o’zi kifoya qiladi.  Shuning uchun «ijod qildim»,  «yaratdim»  degan insonlarning bu lofiga  hech ham ishonmang.
2. Tog’ay Murod Yevropa, ayniqsa,  rus  adabiyotining ashaddiy muxlisi va katta bilimdoni edi.  Ma’lumki, ular badiiy adabiyotni vosita emas, balki  maqsad deb biladilar va shuning uchun ham  Pushkinday  daho Pugachyov haqida roman yozish uchun bu isyonchi haqida erinmasdan ma’lumotlar to’playdi. Tog’ay Murod ham xuddi Pushkinga o’xshab «Yulduzlar mangu yonadi» degan dastlabki qissasini yozishdan avval  o’zi tug’ilib-o’sgan Xo’jasoatga borib, polvonlarning joniga tegib, kurash,  uning ming bir usullari haqida  shu darajada ko’p tafsilotlar to’plagan ediki, bu haqda so’rayverib hammani bezor qilgandi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:34:55
«Ot kishnagan oqshom», hatto «Otamdan qolgan dalalar» ham shu taxlitda yozilgan — haliyam Oltinsoyda ba’zi odamlar uning haftalab  dalada suvchilarning orasida yashaganini  aytib yurishadi. U hatto hayotga ham  G’arb adabiyoti orqali qarar, bu esa zamondoshlarini ko’p hollarda hayron qoldirar edi. Uning turmush tarzi va o’lchov birliklariga shu nuqtai nazardan qaralsa, hamma muammolar oydinlashib, joy-joyiga tushadi.
3. Men o’rta maktabning yettinchi-sakkizinchi sinfidayoq muxbirlik kasaliga  yo’liqib ulgurgan, bizga o’xshaganlar uchun «G’alaba uchun» degan tuman gazetasi katta minbarga aylangan, qo’lga tushgan tafsilotni yozaverar edik: Tog’ay Murodni ana shu gazeta orqali  bilganman. O’shanda ham Tog’ay Murod sakkiz qatorli xabarlarni pisand qilmasdan hikoyalar e’lon qilar edi.
Biz oltmish to’qqizinchi yilning yozida uchrashdik. Katta yozuvchi bo’lishni ko’ngilga tugib, Toshkentga bordim va tayanch sifatida Talabalar shaharchasining jurnalistlar istiqomat  qiladigan yotoqxonasidan ne umidlar bilan Tog’ay Murodni izladim — shunday odam bor va mana bu xonada yashaydi, de¬yishdi: borib-borib hamxonasidan so’ragan ekanman — bo’lajak... sarson ekanligimni bilib, kirgan joydagi  xonaga taklif etdi. Tilining uchigacha jun bosib ketgan va shuning uchun bizga nisbatan yoshi katta ko’rinadigan bu odamning Xudoyberdi Eshonqulov ekanligini oradan o’n yillar o’tib bildim — biz Xudoyberdi aka bilan  Surxondaryo viloyati «Lenin bayrog’i» gazetasida birga ishladik. Ammo Xudoyberdi aka Tog’ay Murodni daraklab borgan qishloqi yigitning men ekanligimni xayoliga ham keltirmasdan  ko’p o’tmay o’lib ketdi. Chunki o’shanda Xudoyberdi aka: «Ana shu yerda o’tirsangiz, Tog’ay keladi», deb o’zi qayoqqadir yo’qolib ketgan, judayam ko’rimsiz va jaydari bo’lganim uchun hatto meni eslab ham qolmagan. 
Xudoyberdi aka aytganiday,  ko’p o’tmay Tog’ay Murod keldi  — gazetada suratini ko’rganim uchun darrov tanidim. «Mana bu karavot meniki, endi sizniki bo’ladi. Biz «voenka»ga ketyapmiz», dedi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:35:14
4. Toshkentning menga ko’zi uchib turgani yo’q ekan, inshodan yiqilib, kechalab Denovga qaytdim. Keyingi yil ham «jurfak»Â¬ka hujjat topshirishning iloji bo’lmadi.  Ijodiy suhbat mendan kelajakda muxbir chiqmasligini ko’rsatdi va men peshonamga bir mushtlab, «filfak»ka kirib ketdim. Bizni bo’lajak jurnalistlarga aralashtirishmadi —  joyni 85-yotoqxonadan berishdi. Bu orada Tog’ay Murodni ko’rish uyoqda tursin, hatto daragini ham eshitmadim. Keyin bilsam, Tog’ay Murod karavotini berib ketgandan so’ng harbiydan imtihon topshirmoq uchun Turkmanistonning yo Elotan, yo boshqa joyiga ketgan, o’sha yoqda onasini  so’kkanligi uchun Abdurazzoq degan hamsabog’ining og’zini yirtmoq bo’lib, ikki qo’lini uning og’ziga tiqqan, u ham anoyi emas ekan shekilli, jon achchig’ida Tog’ay Murodning ko’rsatkich barmog’idan yarim bo’g’inchasini tishi bilan cho’rt uzib olgan.  Bu gap katta janjalga aylanib ikkovi ham universitetdan haydalgan.  Xo’jasoatlik Janjal bobo degan judayam hurmatli bir oqsoqol Toshkentdagi qadimgi qadrdonini, to’g’rirog’i, Abdulla  Qahhorga  yozuv mashinkasi bergan savdo vazirini ishga solib, ikki yil deganda Tog’ay Murodni to’xtab qolgan joyidan talabalikka tiklagan.
    O’zingiz bilasiz, bunday ahvoldagi talabaga stipendiya ham, yotoqxona ham berilmaydi. Xuddi shu paytda Tog’ay Murodni uchratdim, hamma gapning tagiga yetgach, 85-yotoqxonadagi karavotimni taklif qildim. O’zim yerga joy soldim, bu hol bir yilmi, ikki yil — Tog’ay Murod universitetni bitirguncha davom etdi.
5. Oradan ko’p yillar o’tib, qandaydir munosabat bilan bu tafsilotlarni Olimjon Usanovga aytib bergan edim, u: «Tog’ayni stipendiyadan men qoldirgan edim, chunki men kursning starostasi edim-da!» — dedi.
— Bekor qilgan ekansiz. Nega unday qilgansiz?
— Bizni  pisand  qilmas edi.
— ...
—   Men uning bunday katta yozuvchi bo’lib ketishini qayoqdan bilibman.
Bo’lmasa, starostaning oldida bir stipendiya nima degan gap.
6. O’shanda  men  topgan pulimga kitob  olar edim. Tog’ay Murod bilan bir xonada istiqomat qilsak-da, yozayotganining ham, kitob o’qiyotganining ham ustida bo’lmaganman.
Men juda intizomli talaba edim  —  bir tiyinga qimmat mashg’ulotlarga ham itday qatnaganman, buning ustiga, kutubxonalarda o’tirishni, kitob magazinlarida sandiroqlab yurishni, Beshyog’ochdagi hozir buzilib ketgan Alisher Navoiy nomli kinoteatrda Raj Kapurning filmlarini tomosha qilishni yaxshi ko’rardim. Tog’ay Murod esa haftalab xonadan chiqmas —  yozar va o’qir edi. Olimjon aytganiday, darslarga ham deyarli qatnamasdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:35:29
7. 85-yotoqxonaning o’z adabiy muhiti bor edi. Murod Muhammad Do’st, Yo’ldosh Eshbek, Azim Suyun, Usmon Qo’chqor, Shukur Qurbon — oradan yillar o’tib, ularning har qaysisi adabiyotimizda dovrug’ qozondilar.
Biz darsdan qaytaverar, Murod Muhammad Do’st bilan Yo’ldosh Eshbek uyqudan turib, yotoqxonadan chiqib ketaverar edi — ikkovi uzoqdan xuddi egizaklarga o’xshar edi. O’sha yillari ham Murod aka tong otguncha qattiq ishlar, Yo’ldosh esa yotoqxonaning bo’lajak daholariga sahargacha she’r o’qir, tomog’ini yirtgudek bo’lib bahslashar edi.
Endi o’ylab qarasam, mushtdaygina yotoqxonada ham bir nech¬ta adabiy guruh bo’lib, ular bir-biridan hurkibroq, hayiqibroq turar ekan. Shu ma’noda  Tog’ay Murod bilan ikkovimiz bitta adabiy guruh ekanmiz. Tog’ay Murod adabiy davralarning biroviga ham qo’shilmas, mening esa tumshug’imni tiqmagan davraning o’zi yo’q, shuning uchun u yerlarda bo’layotgan hamma gapni —  kimning nima yozganini, kimning qaysi asar yoki muallif haqida nima deganini erinmasdan Tog’ay Murodga aytib berar edim.
8. Biz tonggacha bahslashib yurganimiz bilan Murod Muhammad Do’st o’shanda juda qattiq ishlar — Paustovskiyning o’ta nozik prozasini tarjima qilar va peshma-pesh o’qib berar, xuddi men bir narsani biladiganday, mana bu ifodani mana bu iboralar bilan bayon qildim, ammo aslidagiday kayfiyat bermayapti, yana qanday yozish mumkin, deb menga maslahat solar edi. Murod aka kitobni ham juda tez o’qirdi — ertalab oldiga kirsam, ko’zlari kirtayib ketgan, ha,  desam, stolda  yotgan  ka-a-tta kitobni ko’rsatdi: «Kechasi bilan o’qib tugatdim». Kitob Drayzerning «Geniy» degan romani edi.
O’sha yillari Murod aka Betxovenga oshiq bo’lib qoldi — allaqaerdan uning plastinkalarini topib, eshitaverardi, eshitaverardi... Bu gaplarga ham o’ttiz yillar bo’ldi, ammo Murod akaning «Uchinchi simfoniya» degan  hikoyasi haliyam qulog’imning  ostida jaranglab, ha, jaranglab turadi — asar shu darajada musiqiy edi.
Bilasizmi, Murod aka qo’lyozmalarni o’qish uchun menga berar, ammo fikrimni so’ramas edi. Bir marta muqovalangan  qo’lyozma berdi — qissa ekan, xonamga olib chiqib o’qidim, so’ng Tog’ay Murodga berdim: bir necha sahifasini ko’rdi-da, «bo’lmaydi», dedi. Haqiqatan ham,  Tog’ay Murod to’g’ri aytgan ekan — Murod Muhammad Do’st o’sha qissani hech joyda e’lon qilmadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:35:54
9. To «Yulduzlar mangu yonadi» bosilguncha Tog’ay Murodning jiddiy, hattoki katta yozuvchi ekanligini hech kim bilmas edi. 85-yotoqxonada ham uning mashinkalangan  hikoyalarini mendan boshqa hech kim o’qigan emas.
10. Tog’ay Murod hech kimga bildirmasdan o’zbek adabiyotida, umuman, badiiy adabiyotda o’z saltanatini tikdi. Uning ifoda usuli shu paytgacha hech bir muallifda uchramagan, kuzatilmagan edi. Uni takrorlashning ham iloji bo’lmayapti. Ba’zan, bizga  ikkinchi Rauf Parfi kerak emas, degan qanotli ibora muomalaga kirib qoladi — yoshlarning ko’plari Rauf Parfiga o’xshatib yozishdan  hatto faxrlanadilar va binoyiday  bu yumushning uddasidan chiqmoqdalar. Lekin hech kim  Alisher Navoiy hazratlariga yo Pushkinga o’xshatib yozishga hatto urinib ham ko’rmaydi —  buning iloji yo’qligini ularning o’zlari ham bilishadi. Tog’ay Murodning qissa-romanlari ham  xuddi shunday.
Shu munosabat bilan bitta tafsilot aytgim keladi: nimasini yashiramiz:  adabiyotning katta bilimdoniman, deydiganlar ham Tog’ay Murodning romanlarini qabul qilolmadi. Bir suhbatda Yo’ldosh Eshbekka shu gapni aytdim.
— Hamma  Tog’ayning romanlarini proza deb o’ylaydi, — dedi Yo’ldosh qo’llarini havolatib. — Yo’q, Tog’ay Murodning romanlari poeziya. Poeziya esa tushunilmaydi, anglanadi.
11. Buni Tog’ay Murodning o’zi bilarmidi? Bilganda-chi!
12. Tog’ay Murodning eng katta xizmati — xalqimizning kimligini esiga solgani bo’ldi. Shu paytga qadar bu ishga ko’pchilik ko’l urgan, lekin ularning birovi ham Tog’ay Murodchalik bu vazifaning  uddasidan chiqa olmagan edi.
«A» degan odam «B»ni ham aytishga majbur bo’lgani singari, sirtdan qaraganda, Tog’ay Murod bir necha hamla bilan amalga oshirgan ishni yuz yillar davomida nega boshqalar uddalay olmaganini ishonarli qilib dalillash kerak bo’ladi.
Badiiy adabiyot shunday olamki, bir muallifga ehtirom ko’rsatilsa, boshqalarning martabasiga soya tushmaydi. Bu o’rinda Tog’ay Murodning millat va xalq oldidagi judayam katta xizmatlarini ta’kidlar ekanmiz, bu harakatimiz bilan katta  yo’lga otlanib,  qaysidir daraxtning soyasida qolib  ketgan adiblarimizning uquvsizligini ta’na qilmoqchi emasmiz. Zotan, hazrat Navoiy aytganlaridek, ulug’ maqsadlar yo’lida jafolar chekmoqlikning o’zi ham bir saodatdir.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:36:24
Xoja Bahovuddin Naqshband hazratlari: «Maqsad sari shu darajada shitob va shiddat bilan intilgilki,  lozim bo’lsa,   mening gardanimga oyog’ingni qo’yib,  murodga yetgil!» — deydilar shogirdlariga. Ammo ko’p yozuvchilarimiz ta’ma umidida zamon mayllariga moyil bo’ldilar,  Cho’lpon iborasi bilan aytganda, bu dunyo rohati deb u dunyoni bahosiz pulga sotdilar va buning uchun ularni mutlaqo ayblab yo kamsitib bo’lmaydi:  inson daxlsizlik  martabasiga  erisha  olmas ekan, so’qir bo’lib qolaveradi — ko’zi yiltirab turgani bilan  oq-qoraning, halol-haromning, yaxshi-yomonning farqiga bormaydi.
Yozuvchi bir marta irodasiga qarshi borib, yolg’on yozsa, keyin ham bunga o’rganib qoladi.  Tog’ay Murod  butun  adabiy faoliyati davomida o’zining  ezgu tamoyillariga biror marta xiyonat qilmadi. Vaholanki, unga ham buyurtmalar ko’p, men  zamonning qahramoniman,  deb olamga jar solib yurgan"¦ noinsoflar haqida qarsillatib bir kitob yozish Tog’ay Murod uchun  bir piyola suv ichganday gap edi. Agar shunday qilganida, uning allanima... allanimalari bo’lar edi-yu, ammo Tog’ay Murod bo’lolmas edi.
Ulug’ Pir aytadi: «Men daryoning bo’yiga qirq marta borib, chanqog’imni qanoatlantirmasdan qaytib kela olaman!» Tog’ay Murodning dunyo manfaatlaridan yuz o’girib, o’zi o’ylaganday romanlar yozishi, haligi Ustozning daryo bo’yiga borib, nafsini tahqirlaganiga o’xshaydi. Menga ishoning — ta’ma umidida qo’liga qalam olgan odam hech qachon haqiqatni — gapning to’g’risini yozolmaydi. Tog’ay Muroddan o’n baravar, balki yuz baravar iste’dodli yozuvchilarni yo’ldan ozdirgan, demakki, xarob qilgan iblisning oti — ta’madir.
13. Balzak: «Biz shunday asarlar yozaylikki, vaqti kelib, Frantsiya yer yuzidan yo’q bo’lib ketganda ham, kitoblarimiz: «Bu yerda Frantsiya bo’lgan edi!» deb tursin!» — deydi. Tog’ay Murodning qissalari, romanlari ana shunday vakolatga ega! Hatto ularning hammasini bitta muqovaga jamlab bemalol chop etish mumkin. Xalq ko’nglining tubiga hatto Lev Tolstoy ham bunchalik chuqur kirib borolmagan, shuning uchun bu ulug’ yozuvchi Turgenevni xushlamas edi. Yaqinda bir muhtaram zot (televizordan) Turgenev haqida bepisandlik bilan gapirdi. Vaholanki, G’arb adabiyotida, umuman, badiiy adabiyotda o’zi mansub bo’lgan millat ruhidagi betimsol go’zallik va qudratni hech kim Turgenevchalik yorug’ bo’yoqlar bilan tasvirlab berolmagan.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:36:37
Yoki bo’lmasa: Gorkiy Gogolni yoqtirmagan! Chunki Gogol bor haqiqatni butun tafsilotlari bilan ro’y-rost yozishga o’zida qudrat topa oldi. Hatto u najot yo’lini ham aytdi, ammo Belinskiy uning bu so’nggi asarini yer bilan yakson qildi — o’zimiz ham oltmishinchi yillarda Gogolning o’sha ajoyib asarini o’qimasdan, uni qoralab imtihon topshirganmiz: «Najot — dindadir!» degan umuminsoniy g’oyasi bu ajoyib yozuvchining boshiga yong’oq bo’lib chaqildi.
14. O’zining iboralari bilan aytganda, Tog’ay Murod o’zbek xalqiga haykal qo’ydi — bizning bu haqiqatga iqror bo’lmog’imiz uchun hali ko’p yillar kerak bo’ladi. Chunki odam bolasi o’zi anglamagan haqiqatlarni qabul qilishga qodir emas.
15. Adabiyot uchun odamlar umrini garovga qo’yadilar. Xuddi Komiljon Otaniyozovga o’xshab, xuddi Shukur Burxonovga o’xshab, Tog’ay Murodning ham yuragi yorilib o’ldi — yurak esa xursandchilikdan yorilmaydi. Yozuvchilik — kasb emas, omonsiz jangga kirish va muzaffar bo’lmoqdir: bu gapni men emas, Viktor Shklovskiy aytgan.
Tog’ay Murod muzaffar bayroq bilan bu dunyodan ketdi.¬  Dunyo¬da toki men o’zbekman, deydigan bitta odam bor ekan, yulduzlar mangu yonaveradi, oqshomlari otlar kishnayveradi, bobolar bilan momolar esa  shivirlashib oydinda  yuraveradilar — Tog’ay Murod bino qilgan qal’a to qiyomatgacha zavol topmaydi: diydor qiyomatga qoldi, tuprog’ing yengil bo’lsin, birodar!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:37:26
YURIY PODPORENKO

TOG’AY MUROD ASARLARI TARJIMA
QILINISHI  SHART

Ming taassufki, men Tog’ay Murod haqida mazkur janr uchun kerakli bo’lgan xotiralarni keltira olmayman. Chunki biz u bilan hayotligida shunchaki bir-ikki og’iz gaplashib turardik, xolos. Bu suhbatlar esa hech  qanday xotira uchun asos bo’lmaydi. Lekin men adib nomi hamda u yaratgan nasr kishida qanday taassurotlar qoldirganini aytib o’tishim joiz.
Men dastlab Tog’ay Murod nomini Rahimjon Otaevning XX asr 80-yillari o’rtalaridagi yosh o’zbek yozuvchilari haqidagi maqolasi qo’lyozmasida uchratdim. O’zbek adabiyotshunosi birinchi marotaba o’z maqolasini rus tilida yozishga jazm etgan va bu qo’lyozma  «Zvezda Vostoka» jurnali tahririyatida ishlay boshlagan kezlarim  men tahrir etgan birinchi matn edi. Maqolada hali rus tiliga o’girilmagan Tog’ay Murod asarlari haqida  hikoya  qilinib, ularga batafsil sharh berilar, adib ijodining o’ziga xosligi haqida gap borardi. Afsuski, ana shu «hali» Tog’ay Murod uchun haddan ortiq  cho’zilib ketdi. Menga ma’lum bo’lishicha, unga o’z asarlarining rus tilida nashr etilishini ko’rish nasib etmadi. Adib asarlari hatto so’zlab berilganda ham ular o’ziga xos deb qabul qilinaverardi. Ana shu o’ziga xoslik, avvalo, yozuvchining o’zi tanlagan badiiy ifoda yo’sinlaridan kelib chiqqan. Uning qahramonlari soddaligi, samimiyligi bilan yagona va ajoyib bo’lib qolaveradi, bu obrazlar tasodifiylikdagi tipiklikdan paydo bo’ladiki, manguga kishi ongiga singib ketadi.    
Bu narsa Yo’ldosh Oxunboboev nomidagi Yosh tomoshabinlar teatrida Tog’ay Murod asarlari asosida namoyish etilgan spektaklda yana bir karra o’z tasdig’ini topdi. Rejissyor  Olimjon  Salimov instsenirovka qilish paytida asarning chetlab o’tish mumkin bo’lmagan noyob qirralarini ajratib oladiki, aftidan, ayni shu jihatlar Tog’ay Murodni kundalik turmush realiyalarida ko’proq hayajonga solgan va qiynaganga hamda uni ijod sari undaganga o’xshaydi.
Hayotdan barvaqt ketgan bu yozuvchining shoirona nasri u hayotligida rus tiliga tarjima qilinmaganligini shunchaki anglashilmovchilik deb bo’lmaydi. O’ylashimcha, bu qisman Sharq she’riyatining tarjima qilinmasligi to’g’risidagi tasavvurlarga, qisman esa turli madaniyatlarga xos bo’lgan qarashlardagi jiddiy farqlarga bog’liq. Aftidan,Tog’ay Murod, o’z qahramonlarining ona tilida aniq sezilib turgan jozibador kuchi  o’sha jozibadorlikni ifodalash quvvatiga ega bo’lmagan tarjimada yo’qoladi, deb hisoblagan.
Lekin shunday bo’lsa-da, Tog’ay Murod nasrini rus tiliga tarjima qilishga urinib ko’rish zarur. Chunki o’z qahramonlari kabi noyob bunday yozuvchi boshqa yo’q va afsuski, hech  qachon  bo’lmaydi  ham.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:38:12
JO’RA QODIROV

ATOQLI ADIBNING FIRQA ZULMIDAN
XO’RLANGANI HAQIDA

Chinorginam, yashil-sariq libosing yo’q,
Niqob kiygan daraxtlarga havasing  yo’q.
Yalangoyoq qulday Haqqa yaqindirsan,
Ketar bo’lsang, yo’ling to’sar qafasing yo’q,
Bu dunyoga, bu ro’yoga havasing yo’q,
Chinorginam...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:38:48
Shamsiya



1-lavha
Xo’jasoatdagi dorixonada ishlaydigan Eshqul ba’zi paytlar uyga maqtanib kelgich edi:
— Kecha Toshkentdan Tog’ay Murod keldi. Rosa gurungni urdik.
Tog’ay Murod bilan hamsuhbat bo’lgan Eshqul ko’zimga eng zo’r odam ko’rinardi. Lekin gaplariga ishonmasdim.
— Senam gapir-a, Tog’ay Murodday odam kelib-kelib sendaylar bilan...
Eshqul battar hayratimni oshirardi:
— Bo’l, ertaga mototsiklimga mindirib boray. Gurunglashib kelasan.
2-lavha
O’shanda 1988 yilning bahori edi shekilli. Tuman gazetasida bo’lim mudiri bo’lib ishlardim. Ertalab ishga kelishim bilan shoir Ismatullo Halimov maqtandi:
— Kecha ajoyib kun bo’ldi. Yaxshi she’rday kun. Bilsangiz, siz yaxshi ko’radigan Tog’ay Murod keldi. Birgalikda  tushlik  qildik. Xo’jalikka chiqib ketganingiz yaxshi bo’lmadi-da.
Tabiiyki, tabiatan hazilkash Ismatulloning gaplariga ishonmadim.   
— Qo’ying, ertalabdan boshni garang qilib, ertak to’qimang. Undan ko’ra ishingizni qiling.
Shoir yana asabimga tekkanday bo’ldi.
— Ishonsangiz, u kishi bizda ishlagani kepti. Shoir Abdumajid Azimovning joyiga mas’ul kotib bo’lib.
— Ol-a, Tog’ay Murod qaerda-yu, «Oltinsoy tongi» qaerda? Shunday buyuk yozuvchi-ya...
Men hali uni biror marta ko’rmagan,  hamsuhbat bo’lmagandim. Lekin maqtanishga yo’ymangiz, «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalarining ayrim sahifalarini yaxshi she’rday yod bilardim. Men yozuvchining noyob iste’dodi asiri edim.
Yo’q, Ismatullo aldamagan ekan. Bir mahal chiroyli ki¬yingan, oppoq qordek ko’ylakka yarashiqli bo’yinbog’ taqqan,   ko’zlari porlab turgan yigit eshikdan  kirib keldi.
Bu — Tog’ay Murod edi! Men jurnallarda mehr bilan, havas bilan tikilib o’tiradigan yozuvchi edi!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:39:07
3-lavha
Bilmayman, hali-hali aqlim bovar qilmaydi, negadir u bilan fe’limiz mos tushib qoldi. To’g’ri, bir-ikki kun men uning oldida iymanib, tortinib yurdim. Ba’zi paytlarda gapdan adashib, tilim tutilib qolardi. Keyin esa apoq-chapoq bo’lib ketdik. Bir-birimizni ko’rmasak turolmaydigan bo’lib qoldik. Ko’p paytlarimiz, ayniqsa, dam olish kunlari hovlimizdagi sersoya, yaproqlari katta-katta tut daraxti tagidagi yog’och so’ri bizning sevimli joyimiz bo’lardi.
Bularning bari shirin tushday edi. O’zing avliyodek sezgan yozuvchi, hali aytganimday, qissalarining ayrim sahifalarini yod olgan dovrug’li yozuvchi bilan bugun birga yursang. O’tirib choyxo’rlik qilsang, chindanam tushga o’xshaydi. Endi bularning bari shirin va ma’yus bir tush bo’lib qoldi. Eslasam, ko’nglim mahzun tortadi.Tomog’imga nimadir tiqiladi. Vujudimni chuqur bir xo’rsiniq qoplaydi.
Meni hali-hanuz bir narsa chuqur o’ylatadi. O’ylagan sayin hayratim oshadi. Shunday nomdor adibning biror marta, biror joyda maqtanib gapirganini eslay olmayman. Gapirmaydi ham. Bir kuni botinib, yurak yutib so’radim:
— Qissalaringizning bari zo’r xalq dostonlariday. Boshdan-oxir go’zal bir ohangda. Buni hech bir joyda qo’yib yubormaysiz.
U beparvo, hamishagi gapini gapirdi:
— Chyort poberi, o’zi bir keladi. Shunda odam misoli folchilarday bo’p ketadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:39:26
4-lavha
Men bilgan Tog’ay Murod juda kamtar inson edi. Yaxshisi, fikrimni voqealar misolida dalillay.
Hamma biladi — Oltinsoy Mengziyo Safarov, Qo’chqor Norqobil, Gulandom Tog’aeva, Shamsiya va Alimardon Bo’ronovlar yurti. Bu yerda yoshi yetmishdan oshgan she’rparast dostonchi qariya¬lar ko’p. Shulardan biri rahmatlik Bo’ri bobo Murodov edi. U kishi yo’lda she’r to’qib, duch kelganga aytib ketaverardi. Ba’zi poraxo’r, laganbardor odamlarni yo’lda to’xtatib, unga bag’ishlab yozgan she’rlarini tap tortmay katta ko’chada o’qiyverardi. Yomon fe’lli odamlar u kishidan juda-juda ha-yiqishardi. Bir kuni ishga barvaqtroq kelsam, Bo’ri bobo Murodov tahririyat eshigi oldida o’tiribdi.  Salom-alikdan so’ng so’radim:
— Ha, shoir bova, ertalabdan...
Bobo javob o’rniga ortimdan ergashib xonaga kirdi:
— Tog’ay Murod shu yerda ishlayapti, deyishadi, shu rostmi?
— Rost.
— Shunday katta yozuvchi-ya. Bo’lmasa ko’p kamtar odam ekan-da.
Bo’ri bobo bir ozdan so’ng xuddi yashirin bir gapni aytmoqchiday, men tomon engashdi:
— Bir salomlashay devdim. Gap berarmikan? Eh, uning kitoblari...
Bir ozdan keyin yo’lakdagi eshik ochilganday bo’ldi. Tog’ay Murod kelgandi...
Ichkariga kirib ketgan Bo’ri bobo hayallab qoldi. Bir soatlarcha bo’ldi deyman o’zimcha. Bir payt kirsam, ikkovi eski qadr¬donlarday gurunglashib o’tiribdi.
— Mayli, she’rlaringizdan tashlab keting. — So’ngra menga yuzlandi. — Ukkag’ar bova she’r yozarkan. Oltinsoyning Sulaymon Stalskiysi.
Oradan ko’p o’tmadi. Gazetaning dam olish sahifasida «Keksa ko’ngil kechinmalari» rukni ostida boboning uchta she’ri e’lon qilindi.
Yana bir misol. Bir kun qarasam, Tog’ay Murod eshigi oldida yoshgina bir qiz turibdi. Men uni yaxshi taniyman. 19-maktabning 9-sinf o’quvchisi Tojiniso Eshonqulova — ijodkor qiz.
— Tog’ay Murodning oldiga kirolmayapman. Qo’rqyapman. Hikoya opkeluvdim.
Shu orada yozuvchining o’zi chiqib qoldi. Tojinisoning rangi oqarib ketgandi.   
— Hikoya olib kepti.
— Kir unda, eshikda turmasdan.
Ko’p o’tmay rahmatlik Tojiniso Eshonqulovaning «Tilak» hikoyasi gazeta yuzini ko’rdi.
Bu gaplarni aytishdan murod shuki, agar u odam hidini yoqtirmaydigan adib bo’lganida keksa bir boboning ezmaliklariga soatlab quloq solib o’tirmas, hali maktab o’quvchisi bo’lgan Tojiniso Eshonqulovaning mashqlariga parvo ham qilmasdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:40:25
5-lavha
Bir kuni qiziq bo’ldi. Ishdan chiqib, ikkimiz tuman markazigacha yayov ketdik. Adib shu yerdan mashinaga chiqardi. To mashina kelguncha gurunglashib turdik. U shunday deb qoldi:
— Jo’ra, ertaga men ishga kelmaydiganga o’xshayapman. Bilmayman, shunday bo’ladiganga o’xshayapti. Balki...
Tog’ay gapini tugatolmadi. Yoniga kelib to’xtagan mashina bunga imkon bermadi. Ertasi u ishga kelmadi. Indini ham. Muharririmiz Eshmirza aka Muhammadievning kayfiyati xit. Oxiri bo’lmadi, meni chaqirtirdi.
— Bugun yana gazeta kuni. Ko’p materiallar Tog’ay Murodning qo’lida edi. U bo’lsa uch kundan beri yo’q. Mabodo sizning xabaringiz bordir. Hamisha birga yurasiz. Tag’in, Toshkentga ketaman demaganmidi o’zi?
—  Yo’q... Lekin ertaga kelmaydiganga o’xshayman, devdi.
Bugun uchinchi kun. Alag’da ko’ngil bilan Xo’jasoatga jo’nadim. To’ppa-to’g’ri uyiga bordim. Eshik ochgan adibni onasining rangi oqardi.
—  Yopiray. Men hali Mo’minqulda —  sizlarnikida yotib qolgan deb o’tiribman.
Oradagi xavotirni  adibning singlisi Orzigul yumshatganday bo’ldi:
— Bo’ldi, bildim, Vaxshivorga ketgan. Abdurahmonovning dachasiga.
 Avvallari Vaxshivorda rayijroqo’mning so’limgina dachasi bo’lardi. Dachani rayijroqo’m raisi Toshpo’lat aka Abdurahmonov bosh-qosh bo’lib qurdirgani uchun hamma u kishining nomi bilan atardi. Aytishlaricha, Tog’ay Murod «Ot kishnagan oqshom» va «Oydinda yurgan odamlar» qissalarini shu dachada bitgan, deyishadi. Toshpo’lat aka Abdurahmonov yozuvchini juda yaxshi ko’rganidan unga yetarlicha sharoit yaratib bergan.
Vaxshivorga horib-charchab peshinda yetib keldim. Issiqdan odam lohas tortadi. Eshik qorovuli battar kayfiyatimni tushirib yubordi.
— Kim bo’lsangiz ham hozir gap bermaydi. Ishonsangiz, Toshpo’lat aka  ham: «Bunga nima balo bo’lgan?» —  deb gaplasholmay ketdi. Siz-ku...
Tog’ay Murod ijod to’lg’og’ida edi. U butunlay boshqacha qiyofa kasb etgandi. Meni ko’rdim ham demasdi: oldidagi piyoladagi qachonlardir suzilgan choy qotib, sarg’ayib qolgan. Idishdagi so’ligan uzumlarga qo’l ham urilmagan. Non ham tarashaday qotgan. Adibning soqollari o’sgan, ammo bu unga yarashgan. Xayolimga uning: «Chyort poberi, o’zi bir keladi. Odam folchilarday bo’p ketadi», degan gaplari keldi.
Qiziq, uch kundan so’ng Tog’ay Murod ishga keldi. Yasan-tusan kiyingan. Rangi tozarib, ochilib ketganday. Men bilan hech narsa bo’lmaganday ko’rishdi. Men unga tegishdim:
— O’sha kuni tanimadingiz-a?
Adib hech narsa bilmaganday, ajablanib yelka uchirdi. So’ngra so’radi:
— Ukkag’ardi uli, nimani aytyapsiz o’zi?
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:40:56
6-lavha
Shanba kuni edi. Kechqurun maktabdosh do’sti Sattor Alimardonovning «Jiguli»sida uyga keldi.
—    Yuring,  olishga olib boray. Kelin, shuning putyovkasiga yaxshilab bir imzo chekib bering. Buning buncha jonini olmang-da. O’zi sizga ko’-o’p qobil ko’rinadi-ku.
Botosh qishlog’idagi sport ustasi Abdurasul polvonning hovlisi qaynab yotardi. Odam yorib yurib bo’lmaydi. Katta olishning daragini eshitib ne-ne polvonlar kelgan.
Tog’ay Murodning kelganini kimdandir eshitgan to’y egasi halloslab yetib keldi. U o’zida yo’q xursand edi.
—  Yo tavba-ey, tavba. Tushimmi yo o’ngim? Xudoning o’zi sizni yetkazdi. Olishga bakovullik qilasiz. Haligi kitobingizdagi bakovulingizga o’xshab.
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasidagi Bo’ri bakovulga o’xshab baqirib zot aytadi. Baqirib harom-halolni ajratadi. Men bo’lsam, unga bir dunyo havas bilan qarab turibman. Yonimdagi Sattor Alimardonov deydi:
—  Buning bunday ishlarda suyagi yo’q.
Bir mahal to’y egasi adibning yelkasiga to’n, beliga belbog’ bog’ladi. Boshiga do’ppi kiygizdi. Qomatdor Tog’ay Murodga bu kiyimlar juda-juda yarashdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:41:11
7-lavha
U xonasidagi telefon buzilib qolgan paytlari mening xonamdagi telefondan Toshkentga chiqardi. Nashriyotda ishlaydigan rafiqasi Ma’suma Ahmedova bilan tez-tez xabarlashib turardi. Xotinining kayfiyati yaxshi ekanini eshitgan  kunlari uning ham dimog’i chog’ bo’lib ketardi. Bir kuni telefon go’shagini xotini emas, nashriyot  muharriri Mashrab Boboev olib qoldi. Tog’ay Murod tashvishli gapirardi:
—  Mashrab aka, tinchlikmi o’zi? Kecha ishga chiqqanmidi, shamollab qoldimi? Iltimos, undan bir xabar oldiring. Agar xizmat bo’lmasa?
Tushdan so’ng Ma’sumaning o’zi  qo’ng’iroq  qildi. Andijondan birga o’qigan dugonasi kelganini, shuning uchun... Shundan so’ng yozuvchining ko’ngli joyiga tushdi.
Payt kelganidan foydalanib, hazillashaman:.
—   O’h-ho’! Odamlar xotinidan qo’rqmas ekan.
—  Ukkag’ardi uli, jim bo’l!
Bir kuni ishdan rosa toliqib chiqdik. Tuman markazidagi yakkayu yagona restoran yonidan o’tarkanmiz, men gap qotdim:
—  Odam bugun sa-al charchadi, deyman.
Avvallari bunday gaplarni tez eshitadigan Tog’ay Murod bu gal keskin rad etdi.
— Tinch  yuring.  Bugun-erta  bo’lmaydi. Buyog’i  hayit  yaqin,   Toshkentdan komissiya kelyapti. Tag’in odamning tobini qochirmasin. Keyin  bilsam,  Ma’suma yanga qo’ng’iroq qilib,  ikki-uch kun ichida «Xo’jasoatda bo’laman», deb aytgan ekan. Tog’ay Murodning «komissiya»si   Ma’suma yanga ekan.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:41:30
8-lavha   
Ulkan zalga o’lik,  berahm sukunat tushgan. Hamma hozir zo’r bir odamni dafn etib kelishganday. Shu motamsaro sukunatni minbarga ko’tarilgan raykom xodimi bo’lib yubordi. U byuro qarorini o’qishga kirishdi. «Gazeta bosh muharriri Eshmirza Muhammadievga qattiq hayfsan berilsin. Bo’lim mudirlari ogohlantirilsin. «So’fi Olloyor kim bo’lgan?» maqolasining muallifi Tog’ay Murod gazeta ishidan chetlashtirilsin».
Qarab turibman. Tog’ay Murod yig’lamoqdan nari-beri. Uning polvon kelbat vujudi titrardi. Axiri bo’lmadi. U o’rnidan turdi. Raykom xodimlari uni gapirishga qo’ymadi.
 — Biz  sizdan  hech  narsa  eshitmaymiz,  o’tiring.  Oltinsoyni O’zbekistonga sharmanda qilganingiz yetar.
Ammo Tog’ay Murod o’tirmasdi. Uning ko’zlari, yuzi qip-qizil bo’lib ketgandi. Uning ovozi zalda momaqaldiroq  yanglig’ jarangladi:
— Aytinglar, men nima qipman? Mening aybim nima? Shu
maqolammi? Shunga shunchami? Men unda nimani noto’g’ri yozibman? Nimasi yomon? Hali ko’rasizlar, yaqin qoldi. Odamlarning bari islomga qaytadi, Xudoga qaytadi. Kerak bo’lsa, hamma qishloqlarda machit bo’ladi. Odamlar emin-erkin namoz o’qiydi. Har bir uyda Qur’on kitobi ochig’liq turadi. Sizlar Xudo bexabar bir odamlarsiz.
Byuro o’tayotgan zalning orqa eshigi ochildi. Birov byuroni yopolmadi. To’rdagilar orqa eshikdan qochib chiqishdi. Biz tashqariga chiqqanimizda firqaning amaldor shotirlaridan birovi ham qolmagandi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:41:45
9-lavha   
Adibning xatosi «Oltinsoy tongi» gazetasida bosilgan «So’fi Olloyor kim bo’lgan?» maqolasidagi quyidagi yozuvlar edi: «Ey musulmon bandasi, jon berar chog’ingda kimni eslaysan? Partiyanimi? Komsomolnimi? Albatta, Xudo deysan. Otajon-onajon deysan. Minba’d hali men aytganlarni aytmaysan. Otajoning, onajoning janozasida esa tirik turib, bir siqim tuproq tashlay olmasang!»
Buni qarangki, gazetaning aynan shu sonini kimdir konvert¬ga solib O’zbekiston Markazqo’mi kotibiga shaxsan jo’natgandi. Bari mojarolar shu tufayli edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:42:05
10-lavha   
— Xo’jasoatga ham bormayman. To’g’ri ketaman. Poezdga chiqaman.
Denov vokzalidamiz. Dardi, ijod dunyosi bu yorug’ olamga sig’mas yozuvchiga taskin-tasalli berolmayman. U bamisoli bola fe’lli bo’lib qolgandi. Qo’lidan dastro’molchasi tushmasdi:
— O’z elimda meni sharmanda qilishdi-ya. Kun keladi, bu muttahamlar mendan oldin mullo bo’ladi. Shunda aytaman. Shunda o’chimni olaman. Oldilaridan salom berib o’taman. Bular dumi yo’q, orqasi siyg’onchiq tulki.
—  Aytganingiz kelsin. Hayot jazosini bersin.
Yuzi bo’g’riqqan Tog’ay Murod poezdga chiqdi. Uning so’nggi gapi shu bo’ldi: 
— O’z yurtiga sig’magan yozuvchi oshnangga xayr de! Tuman gazetasida ishlay olmay haydalgan, senlarni qora otli qilib ketayotgan oshnangga qo’l silta!
Uning ko’zlari to’la yosh edi. Endi bu yoshlarni g’ijim dastro’moli bilan ham artmasdi. Ajablanib qarayotgan odamlarga parvo ham qilmasdi. U telbavor alfozda edi.
Poezd jo’nab ketgan bo’lsa-da, perronda behol turib qolgandim. Tanamdagi qon yaxlaganday edi: «Nahotki, bari buyuklarning boshida ko’rgiliklar shunday ko’p bo’lsa?!»
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:42:19
11-lavha
Oradan besh-olti yil o’tdi. Tog’ay Murod Toshkentda dongdor bo’lib ketdi. Oltinsoyda deyarli yarmini qoralab olgan «Otamdan qolgan dalalar» romani ayniqsa mashhur bo’lib ketdi. Muhtaram Prezidentimiz nazariga tushdi. Dilbar asarlari kinorejissyorlar e’tiborini tortdi. Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotini olgan yozuvchiga «O’zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berildi.
Tog’ay Murodning bu muvaffaqiyatlaridan oltinsoyliklar, jumladan, o’zim  ham  terimga sig’masdim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:42:36
12-lavha
1998 yil. Hovli etagida bolalarim bilan g’o’zapoya bosmoqda edim. Bir mahal Xidirsho arig’i tomonidan bir yap-yangi «Jiguli» shundaygina hovlimiz eshigida to’xtadi. Tog’ay Murod siyoqli bir odam oldingi eshikdan  tushdi
—  Yo tavba! Tog’ay Murodga o’xshaydi-ku.
 Rosti,  hammamiz jimib qoldik. Mashinadan tushgan kishi chindan  ham Tog’ay Murod   edi! U juda chiroyli kulimsirab turardi. Quchoqlashib ko’rishdik.  U avvalgidan ham  xiyla to’lishgan, yuzlari yanayam salobat baxsh etib, bir qarashda har qanday odamni hayajonlantirib qo’yadigan qiyofa kasb etgandi.
Mashinani uzun bo’yli, xushkelbat yigit ichkariga oldi. Bu yigit uning iqtisodchi   jiyani   edi.
—  Mana, biz ham mashina oldik. Lekin sabil rulga yurak bo’lmaydi. Shuning uchun jiyanni yollab turaman.
Shu vaqt ko’zi bostirma ostida turgan mashinani ko’rib sevinchi oshib ketdi.
— E, ukkag’ardi uli, sizam mashinali bo’psiz-ku. G’ayrat qiling, buyursin.
Shu kuni tut tagidagi qadrdon so’rida gurungni rosa urdik — mashinalarni yuvdik.
E-voh,   Tog’ay   Murod   bilan   so’nggi   gurungimiz,   so’nggi  ulfatchiligimiz, shu bo’lib qoldi.
Hozir, rosti, shu so’rida kechalari yotolmayman. Tog’ay Murod o’tirganday bo’laveradi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 13:43:28
MIRZAPO’LAT TOSHPO’LATOV

KUNLARDAN BIR KUN...

Xabar


Men, o’tgan asrning 80-yillarida G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlardim. Tog’ay Murodni iste’dodli yozuvchi sifatidagina bilar, u bilan yaqindan tanish emasdim.   «Oydinda yurgan odamlar», «Ot kishnagan oqshom» qissalariga muharrirlik qilish sharafiga muyassar bo’lgunimga qadar, Tog’ay Murod bilan shunchaki salom-alik qilar, jiddiy suhbat qurgan emasdim.
Bir kuni meni o’sha paytlardagi nashriyot direktori Jumaniyoz Jabborov kabinetiga chaqirib qolishdi. Xonada Jumaniyoz Jabborov bilan nashriyotning «Original proza bo’limi» mudiri Lola Tojieva o’tirardilar. Ular menga yozuvchi Tog’ay Murod asarlariga muharrirlik qilishimni aytishdi.
—  Faqat muomalada ehtiyot bo’lasiz. O’jarroq, lekin o’zi katta yozuvchi. Asarlarini o’qib maza qilasiz, —  deya «Oydinda yurgan odamlar» deb nomlangan qissalar to’plamining qo’lyozmasini uzatdilar. Ushbu to’plamga adibning mashhur «Oydinda yurgan odamlar» va «Ot kishnagan oqshom» qissalari kirgan edi. Ushbu  qissalar Tog’ay Murod keyinchalik yozganiday, «ne kunlarni ko’rmadi...». Bu qissalarning chop qilinishi voqealarini yozsa, e-he, katta bir kitob bo’ladi. Men hozir qissalar taqdiri haqida emas, Tog’ay Murod portretidagi ba’zi chizgilar haqida so’zlamoqchiman.
Shunday qilib, men qissalarni o’qiy boshladim. Birdan asarlar meni o’ziga rom qildi. Ba’zi asarlarni qiynalib-qiynalib zo’rg’a jig’ibiyronimiz chiqib o’qirdik. Tog’ay Murodning asarini o’qib boshlaganimni bilaman, go’yoki joyimda mixlanib qoldim. Sehrlanib tushlik ham qilmabman, kech soat sakkizlarda qo’lyozmani o’qib tugatib o’rnimdan turdim. Asarni o’qib bo’lib, shunday xayollar ichida qoldimki... Ana asaru mana asar...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:22:30
Uchrashuv

Xonada hamkasabalarimga meni qattiq hayajonga solgan qissalarni to’lib-toshib gapirib turganimda to’satdan birov eshikni ochdi. Xonaga zabardast, ko’zlari o’tli, o’ta jiddiy Tog’ay Murod kirib keldi. Hamma bilan qisqa-qisqa salomlashdi-da, qarshimga o’tirdi.
— Kitobimga sizni muharrir qilib tayinlashgan ekan. Qachon fikringizni aytasiz? — dedi u menga yuzlanib.
Men unga qarab:
—  Hozir aytishim ham mumkin, —  dedim.
—  Mayna qilmasdan to’g’risini ayting, —  dedi u jiddiylik bilan.
Men Tog’ay Murodga qarab:
—  Rosti bilan kecha o’qib bo’lganman. Hozir sizning asaringiz haqida gapirib o’tiruvdim.
—  Xo’sh, qalay?
—  Juda zo’r. Hatto biror verguliga ham qalam tekkizmoqchi emasman.
Uning birdan chehrasi yorishdi:
— Nima deb xulosa yozasiz?
— Nima deb yozardim? To’plam menga yoqdi, bu yaqin-orada bunday ajoyib asarni o’qiganim yo’q. Uni bemalol nashr qilsa bo’ladi, kitob esa qo’lma-qo’l bo’lib o’qiladi, tahrirga muhtoj emas, biror vergulini ham o’zgartirib bo’lmaydi, deb yozaman.
Uning bu gaplardan xursand bo’lgani shunday ko’rinib turardi. Biz ilk bora shu zaylda uchrashdik. Shu-shu, Tog’ay Murod bilan tez-tez uchrashib turadigan, uzoq-uzoq suhbat quradigan yaqin aka-ukaga aylandik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:23:12
U ranjigan kun

Tog’ay Murod nihoyatda jiddiy, har bir gapini o’ylab gapiradigan, bir so’zli, o’z fikrini kishining yuziga dangal aytadigan, dadil hamda katta bilimga ega nuktadon adib edi. Mana, qissalarining bosmaxonadan korrekturasi ham keldi. U o’sha kuni nashriyotga kelganida, men gapni uydagilar, bola-chaqa yaxshimi, deb so’rashishdan boshladim.
Birdan uning jahli chiqdi. Atrofga bir qarab oldi-da, tash¬qariga chiq, dedi. Men Tog’ay akaning orqasidan chiqdim.
   — Hozir sen hazil qildingmi yo atayin shunday dedingmi?
   U menga birinchi marta sensirab gapirdi. Jahli chiqqani oqarib ketgan yuzidan shundoq sezilib turar edi.
   — Nimaydi, hazil qilganim yo’q, biror nojo’ya gap aytdimmi? —  men shosha-pisha shunday dedim.
—  Men uylanmaganman.
   Talmovsirab qoldim. Rostdan ham uning oila qurmaganligini bilmasdim. Nima deyishni bilmasdan, beixtiyor uzr so’radim.
— Bilmagan bo’lsang, mayli.
Uning ovozi ohangidan yumshaganini sezib, dadillashdim:
—  Nasib bo’lsa, uylanarsiz, ko’z ostingizga olganingiz bordir.
— Bor. Qarshingda o’tirgan Ma’suma bor-ku, so’ra, shu qiz tegsa olaman. Bor, kirib so’ra, — dedi.
   Dabdurustdan eshitgan javobimdan andak shoshib qoldim. Xullas, kursdoshim Ma’sumaga Tog’ay akaning ko’ngli borligini aytdim. Bu gapni Tog’ay aka shoshirganiday, o’sha kuni emas, ertasi kuni payt poylab aytdim. Ma’suma o’ylab ko’ray, keyin javobini aytaman, dedi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:23:24
Taqdir taqozosini qarangki, ikkalalari bir-birlarini tushunib va ardoqlab, sevib, sadoqat bilan yashadilar.
Men katta adibimiz Tog’ay Murod bilan yaqin bo’lganimdan, uning hayotidagi muhim, baxtli voqeaga voqif ham sababchi, to’ylarida uning yaqin birodariday xizmat qilganimdan hozirgacha faxrlanaman. Menimcha, bu ikki ijodkorning bir-biriga muhabbatlari hamda sadoqatlari, katta adabiyot yo’lidagi umrguzaronliklari bir kitob yozishga arzigulikdir.
Biz Tog’ay aka bilan uzilishib ketmadik. U menga ko’p nasihatlar berar, hatto o’z ukasini tergagandek tergab ham qo’yar edi. Shuni aytish kerakki, uning hamma gaplari, harakatlari tabiiy edi. U oliftagarchilikni yoqtirmas, yasama, sun’iylikni ko’rgani ko’zi yo’q edi. Ko’p ham odamlarni jini suyavermas, lekin yoqtirgan kishisi bilan dildan gaplashar, kulganda, yosh boladay yashnab ketardi. Qalbi xuddi ana shu yosh bola dili kabi beg’ubor, musaffo edi. Tog’ay Murod, nazarimda, soxtalikdan yiroq, mardlik va tantilik timsoli edi, qaytarilmas ijod sohibi, adabiyotimizning zabardast namoyandasi edi. Va shunday dunyodan o’tdi.
Adib qalbi asarlariga ko’chdi — adabiyotimiz inju donalariday sara asarlar bilan boyidi. Albatta, bularning bari cho’ng yozuvchimiz Tog’ay Murod umrini tom ma’noda ham boqiy etadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:24:15
CHORSHAM’

«SHOIR  UKAM,  YAXSHI!»

Tog’ay aka bilan men saksoninchi yillar boshida ustoz Rauf Parfi xonadonida tanishgan edim. Tungi sherxonlik, bahs-munozaralardan so’ng  Toshkent Traktor zavodi mavzesidan shahar markazi tomon birga qaytdik. Negadir Tog’ay akaning kayfiyati yo’q edi. Dabdurustdan:
— Yangi kvartira topishim kerak! — deb qoldilar.
Bu so’zlarni u ichki iztirob, dard bilan aytdi. Yuzlaridagi iztirobni ko’rib achinib ketdim.
— Hozirgi kvartiram xo’jayini o’g’lini uylantiryapti. Tez- da chiqib ketishim shart!
— Biror mo’ljalingiz bormi?
— Bitta joy bor-u, sal keyin bo’shar ekan. Ungacha qaerdadir yashab turishim kerak.
Ikkimiz ham o’ylanib qoldik. Men o’shanda Labzak mahallasida Dusya xola degan bir rus kampirning barakcha qurilgan pas¬qamgina uyida yashardim. Kursdosh hamxonalarim yaqindagina o’qishni tugatib ketishgan, kampir qistovi bilan o’zimga sherik izlab yurardim. «Tog’ay akani shu hovlichaga taklif etsam qanday bo’larkin?» — degan fikr keldi miyamga. Lekin bundan bir oz xijolat bo’ldim. Axir tor, ko’rimsiz hovli bo’lsa...  Sharoiti ham yo’q.... Men shunday bo’lsa ham  baribir bir aytib ko’ray, dedim.       
 Men bir rus kampirning uyida yashashimni, xonada yana bir kishilik joy borligini aytdim:
— Narxi arzon, oyiga o’n so’mdan. Ammo sharoiti yaxshi emas. Bir ko’ring. Agar ma’qul...
— Bo’ladi!
Tog’ay aka xursand bo’lib ketdi.
— Ertagayoq ko’chib o’taman! — dedi u ko’zlari chaqnab.
Keyin kulimsirab dedi:
— O’zi aytarli ko’ch-ko’ronim ham yo’q. Ozgina ust-bosh, kitob...  Kvartira qaerda?
— Siz qatnaydigan fin hammomining orqasida.
— Rostdanmi?!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:24:52
Uning quvonchiga  quvonch qo’shildi.
U paytlar Labzakdagi fin hammomi juda mashhur edi. Bug’xonasi 130-135 darajagacha qizirdi. Elektr spirallar ustiga katta-katta qayroq toshlar qo’yilgan edi. Fin hammomining inson tana a’zosiga foydasi kattaligidanmi, buni bilgan, o’z sog’lig’ining qadriga yetgan odamlar bu yerga muntazam kelib turishardi.  Ozish deysizmi, bod kasali deysizmi... Hattoki «Paxtakor» futbol jamoasi, «Hamza» teatri (hozirgi Milliy teatr) artistlari, poytaxtning e’tiborli kishilari ham bu hammomga kelishni kanda qilmasdilar. Ular orasida Tog’ay aka ham bor edi. Ba’zan u kishini hammom yaqinida ko’rib qolardim. Lekin botinib borib ko’risholmasdim. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi e’lon qilingandan so’ng Tog’ay aka juda mashhur bo’lib ketgan edi.
— Siz meni qutqardingiz. Bu yerga ishxonam ham yaqin. Yaxshi, shoir ukam!
O’sha paytlar Tog’ay aka «O’zbekiston fizkulturachisi» gazetasida tarjimon bo’lib ishlar edi.
Biz ertalab ko’rishishga kelishib xayrlashdik. Shu tariqa Tog’ay aka bilan mo’’jazgina ijara uyda olti oycha birga turdik. E-he, bu davrda qancha tonglarni suhbat qurib ottirganmiz... Bu kechalar hali-hali esimda. Albatta, o’sha kechalardagi ajoyib suhbatlarning hammasini eslash va  qog’ozga bitishning iloji yo’q. Oradan chorak asr vaqt o’tdi. Ammo  Tog’ay akaning suhbatlarimizdagi ba’zi gaplari hamon qulog’im ostida jaranglab turadi.
 Bizning suhbatlarimiz asosan adabiyot va sport mavzusida bo’lar edi. Tog’ay aka yozajak asarlari haqida to’lqinlanib so’zlar edi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:26:19
— Men yozmoqchi bo’lgan asarim mavzusini mayda detallarigacha o’rganib chiqaman. Tasvirlayotgan joyimni borib o’z ko’zim bilan ko’raman, bo’lmasa ko’nglim to’lmaydi. Asar pishib-etilgandan keyin esa uyga qamalib olaman. Chunki bu payt menga hech kim xalaqit bermasligi kerak. Yengil choyshabga o’ranib yotib olaman. Yozgan varaqlarimni karavot ostiga tashlayveraman-tashlayveraman. Varaqlar uyulib ketadi. Asarni butunlay yozib bo’lganimdan so’ng varaqlarni yig’ishtirib olib, tartibga solaman. Keyin qayta ishlashga kirishaman.
U yozmoqchi bo’lgan asarlariga qo’yiladigan nomlarga katta ahamiyat berar, ularni juda uzoq vaqt tanlar edi. Bir kun menga ikkita qog’oz uzatdi. Bu bo’lg’usi «Ot kishnagan oqshom» va «Oydinda yurgan odamlar» qissalari uchun tanlamoqchi bo’lgan nomlar ro’yxati edi.
— Yozmoqchi bo’lgan qissalarimga ana shu nomlar ichidan tanlamoqchiman. Siz o’zingizga yoqqan nomlarni belgilang-chi. Qaysinisi sizga ma’qul?
Men ro’yxatga ko’z yugurtirdim. Ro’yxatning ikkalovida ham o’ndan ziyod nomlar bitilgandi. Agar yodimda bo’lsa, «Oydinda yurgan odamlar» qissasiga qo’yilajak ro’yxatdan «Oqshom odamlari», «Oqshomgi odamlar», «Oy yorug’idagi odamlar»ga o’xshash nomlar o’rin olgandi. «Ot kishnagan oqshom» asarlari ro’yxatida ham shunday edi. Menimcha, Tog’ay aka ular ichidan birini tanlab olgan edi-yu, shu tanlaganlari  munosibmi-munosib emasmi, tasdiqlatib olmoqchiga o’xshardi:
— Asarga nom qo’yishning ahamiyati juda katta. Nom asar ruhini  to’la ifoda etishi kerak. Toki sarlavhani o’qishi bilan o’quvchining yuragi «jiz» etsin, unda shu asarni o’qishga istak uyg’onsin.
Til, shevalar haqida ham ko’p gapirardi. Tog’ay akaning Surxon shevasi,  xalq og’zaki ijodi, xususan, dostonlar tili borasidagi fikrlari juda qiziqarli bo’lib, u bu haqda jo’shib so’zlardi. U gapirayotganda, yonidagi hamrohini deyarli unutib qo’yar, go’yoki betizgin xayollar ichida parvoz etayotgan odamga o’xshardi. Yuzlari porlar, so’zlayotgan fikrlaridan faxr tuyar, nihoyat gapini tugatib bo’lib, menga qarar va boshini irg’ab: «Shoir ukam, yaxshi», derdi. Nazarimda, bu so’zlar zamirida: «Bu til hech qachon o’lmaydi, bu tilda asar yozish naqadar buyuk baxt»,  degan ifoda yotardi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:26:41
Ayniqsa, Tog’ay aka sal sarhush bo’lganlarida «yaxshi» so’zini takrorlab tolmas edilar. Ba’zi bir shoir-yozuvchilar bu gapdan jahli chiqib:
— Nimasi yaxshi? Hammayoq rasvo bo’lib ketdi-ku?! Siz bo’lsa «yaxshi», «yaxshi», deyaverasiz, — deb unga dakki berardi.
Tog’ay aka esa bu gaplarga sira parvo qilmasdi:
— Shoir akam, yaxshi! — deb takrorlayverardi.
Men u bu bilan nima demoqchi bo’lganini ko’p o’yladim. Va shunday xulosaga keldimki, bunday paytlarda Tog’ay aka «xilvat dar anjumanda» bo’lar edi. (Naqshbandiya tariqatidagi bu raxshaning qisqacha ma’nosi «zohiran xalq bilan, botinan haq bilan» bo’lishdir.) Ya’ni u atrofdagi jamoani butunlay unutib, o’z orzu-umidlari, xayoloti olamida kezardi. Bu olamda esa yurtga, do’stu yorlarga yaxshilik, ezgu ish  qilish maqsadi mujassam edi. Yana el ichida yaxshi nom qoldirish istagi bilan yashayotganini aytmoqchi bo’lardi, menimcha.
Mo’’jaz hovlichamizda o’rik daraxti bo’lardi. Kuz oqshomlari shu daraxt ostiga qo’yilgan aylana stol atrofida, xira chiroq yorug’ida suhbat qurardik. Men ertalab ishga borishim kerakligi bois barvaqtroq yotardim. Tog’ay aka esa  aksariyat vaqtlari hovlichada yarim tunga qadar yolg’iz kitob mutolaa qilardi. Ishga esa tushdan keyin borardi. Yakshanba kunlari bukinistik kitob do’konlariga yoki bozorlardagi yoyma kitob rastalariga borardik. Bu rastalardan yaxshi kitoblarni topish, yana arzon narxda sotib olish mumkin edi-da. Izlab yurgan kitoblarimizni topsak, naq bayram bo’lib ketardi. Men u paytlar O’ljas Sulaymonov, Yevgeniy Yevtushenko she’riyatini ko’proq o’qirdim. Tog’ay aka esa Janubiy Amerika yozuvchilari asarlarini va jonivorlar, xususan, ot haqida bitilgan kitob¬larni sotib olardi. Yoshlikdan ko’pkarilarga qatnashib kelganlari uchun bo’lsa kerak, Ernest Seton-Tompsonning «Yovvoyi yo’rg’a» asarini juda xush ko’rib o’qirdi. Bu kitobni tarjima qilish niyati borligini ham menga aytgandi. Keyinchalik  bu orzulari amalga oshdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:26:55
Ba’zan mendan yangi yozgan she’rlarimni o’qib berishimni so’rardi. Bir oz maqtagach, qaysi so’zni noo’rin qo’llaganimni, o’sha so’z o’rniga qaysi so’zni ishlatish mumkinligini aytardi. Bu maslahatlar men uchun juda katta maktab bo’ldi.
Ijara uyimizga Yo’ldosh Eshbek, Sa’dulla Hakim, Bahodir Murodali, Jamol Sirojiddin, G’ulom Fathiddin kabi shoir-yozuvchilar tez-tez kelib turardilar. Tog’ay aka, ayniqsa, Yo’ldosh Eshbek bilan miriqib suhbatlashardi. Yo’ldosh akaning hangomatalab gaplaridan miriqib, qah-qah urib kulardi. Hovlicha kulgidan zirillab ketardi. Suhbat so’ngida  Tog’ay aka:
— Ey, Yo’ldosh, shu voqeani menga soting, yozaman, — deb qolardi.
Yo’ldosh aka ham saxiylik bilan rozi bo’lardi:
— Mayli, faqat asar so’ngida: «Bu voqeani Yo’ldosh Eshbek aytib bergan», deb qo’shib qo’yasiz, — derdi.
— Bo’ldi, bo’ldi.
— Gonorarni ham teng bo’lishamiz.
— Yaxshi, shoir, yaxshi!
Ular bir-birlari bilan hazillashganda sensirab, jiddiy so’zlashganda esa sizlab gapirardilar. Bunday hazil-huzullar payti Tog’ay aka baxtiyor ko’rinardi.  Uning yuzu ko’zlarida samimiyat, bolalarcha beg’uborlik barq urardi. Shu bilan birga ba’zan jahli chiqib tumtayib olardi. Birpasda ichimdagini top deganday,  jiddiy tortib, tund odamga aylanardi-qolardi. O’zi unchalik ko’p  ham gapirmas edi. U go’yoki o’z xayollari, yozayotgan asari qahramonlari hayoti bilan yashayotganga o’xshardi.
Biz asosan ikki mavzuda suhbatlashar, bahslashardik. Birinchisi, albatta, adabiyot edi. Men o’shanda Tog’ay akaning bu boradagi fikrlarini yozib qo’ymaganimdan ming bor afsusdaman. Esimda, u kishi o’shanda davr muammolari, ularni adabiyotda ko’tarib chiqish zarurligi haqida kuyunib so’zlardi.
Ayniqsa, asarning birinchi jumlasiga juda e’tibor berardi. Esimda,  «Ot kishnagan oqshom» qissasi boshlanishidagi «Ko’rgilik, birodarlar, ko’rgilik» jumlasini qancha izlaganlarini aytib bergandi. «Shu jumlani topgach, olamga sig’mas darajada xursand bo’lganman», degandi.
Yana adabiyotda yuz berayotgan nohaqliklardan ezilar, nafratlanardi. Tog’ay aka tasodifan bir yosh yozuvchi qaysidir katta yozuvchining asarini qayta ishlab berayotganining guvohi bo’lib qolibdi. Yosh yozuvchi Tog’ay akaga shunday deb maqtanarmish:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:27:10
— Mana, ustoz asarlari ustidan ishlayapman.
— Qani bir ko’ray-chi?!
Tog’ay aka varaq hoshiyasiga bitilgan quyidagi so’zlarni o’qibdi:
«... jon, katta rahmat, juda o’rinli tuzatibsiz. Asarning davomini yuboryapman. Shunday ishlayvering».
Tog’ay aka jig’ibiyron bo’lardi:
 — O’sha «otaxon» yozuvchimiz to asarini tugatguncha har kuni xizmat mashinasining haydovchisi orqali qo’lyozmasini yuborib turdi. Hatto oddiy jumla tuzishni ham durust bilmaydigan bunday yozuvchidan nima kutish mumkin? Yozuvchi do’stimdan ham ko’nglim qoldi.
Bizning ikkinchi sevimli mavzumiz futbol edi. Men ko’p futbol ishqibozlarini bilaman. Ular bilan o’yinni tahlil qilamiz, futbolchi va murabbiylarning yutuq-kamchiliklarini muhokama qilamiz. Lekin oralarida Tog’ay akachalik futbolni nozik va teran tushunadigan ishqibozni kam uchratganman. Tasavvur qiling: torgina xonada, ikkita karavot o’rtasiga qo’yilgan stolga mukka tushib o’n bir nafar o’yinchi qanday harakat qilishi kerakligini tongga qadar muhokama qilsak. Bu ham yetmaganday, erinmay qog’ozga futbol maydonchasi sxemasini chizardik. Jamoa (ko’proq sobiq terma jamoa) a’zolari qanday harakat qilishi zarurligini o’zimizcha tahlil qilardik. O’sha paytlar sobiq Ittifoq terma jamoasida Valeriy Lobanovskiy boshchiligida Oleg Bloxin, Oleg Protasov, Igor Belanov, Renat Dasaev, David Kipiani kabi o’yinchilar o’ynardi. Tog’ay aka har bir o’yinchi imkoniyatlarini yaxshi bilar edi. Ana shu imkoniyatdan kelib chiqib o’yin taktikasini belgilardi. Nechta himoyachi, nechta yarim himoyachi va qancha hujumchi harakat qilishini aytardi. Har bir o’yinchining harakatlanish yo’nalishlarini ko’rsatar, hujumga o’tganda yoki himoyalanganda qanday usulni qo’llash zarurligini sharhlardi:
— O’yin taktikasini ishlab chiqqanda raqib imkoniyatlarini hisobga olish kerak. Masalan, Belgiya himoyada o’ynaydigan komanda. Demak, avvalo ana shu himoyani qanday yorib o’tish masalasini hal qilish zarur. Geretsday himoyachini kim aldab o’tishi mumkin? Albatta, Kipiani! Ular qarshi hujumga juda tez o’tishadi. Bu hujumni qanday to’xtatib qolish mumkin? Buning chorasini topish shart.
1982 yilgi jahon chempionati oldidan bunday muhokamalarimiz avjiga chiqqandi. Hatto Tog’ay aka mardona shunday bashorat qilgandi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:27:24
— Bunday jamoa bilan jahon chempioni bo’lish mumkin. Faqat yaxshi jismoniy va ruhiy tayyorgarlik kerak. Har bir o’yinga to’g’ri taktika topish zarur. Chempionat davomida kuchni to’g’ri sarflash kerak.
Jamoada albatta psixolog, shifokor bo’lishi zarurligi, kuchala kabi giyohlardan foydalanish shartligiga  o’xshash  fikr¬lar ham nazarimizdan chetda qolmas edi. O’shanda «Paxtakor» jamoasi aviahalokatga uchraganiga uch-to’rt yil bo’lgan, hali ko’nglimizdagi yaralar bitmagan edi. Shuning uchun sevimli jamoamiz haqida deyarli suhbatlashmasdik. To’g’risi, bu mavzuni Tog’ay akaning yuraklari ko’tarolmasdi. Buni o’zlari ham, men ham yaxshi bilar edik. Shuning uchun ko’proq mamlakat terma jamoasi va chet el futboli haqida fikrlashardik. Ahyon-ahyon tillariga An va Fyodorov nomlari kelib qolar va beixtiyor ular taqdirini eslab, jim bo’lib qolardilar. Nazarimda, bunday suhbatlar Tog’ay akaga sal bo’lsa-da, turmush tashvishlarini unutishga yordam berardi.
Tog’ay aka qisqa davr ichida menga ko’p yaxshiliklar qilgandi. Shulardan biri sigareta chekishni tashlashimga sababchi bo’lganlaridir.
— O’zi o’pkangiz operatsiya qilingan bo’lsa... Sizga chekish mutlaqo mumkin emas! — derdilar kuyunib.
Chekishni qanday tashlash mumkinligi yo’llarini ham aytgandi. Yana sport bilan shug’ullanishga ko’p da’vat etardi. Ba’zan toza havoga chiqishni taklif qilardilar. Bo’zsuv bo’ylarini, «Minor» qabristoni atrofini aylanardik. Balki bu yalang¬liklar Tog’ay akaga Surxon vohasi manzaralarini eslatgandir. Menimcha, u shahar shovqinidan bezib shu joylardan orom topardi.
Biz yarim yil ichida aka-ukadek qadrdon bo’lib ketdik. Tog’ay aka boshqa kvartiraga ko’chib o’tganlaridan keyin ham bizning bordi-keldimiz uzilmadi. Mening uylanish bazmimda ishtirok etdilar. O’zlarining ham to’ylari Labzak yaqinidagi «Shirin» kafesida bo’lib o’tdi. Umrlarining oxirigacha anjumanlarda, adabiy davralarda uchrashib turardik. Biz uchrashib qolganlarimizda ko’pincha o’sha kechalardagi suhbatlarimizni eslardik.
 Hozir ham xayolda ba’zan o’sha xotiralar jonlanib qoladi. Shunda Tog’ay aka biror-bir mavzu bo’yicha o’z fikrlarini bayon etadi va mamnun jilmaygancha, bosh irg’ab deydi:
— Shoir ukam, yaxshi!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:28:40
MAHMUD ABULFAYZ

TOG’AY MUROD DALALARI
Agar oy bo’lsang ham ko’chamdan o’tma.
         

Tilak Jo’ra.

Adabiyotdan ozmi-ko’pmi xabaringiz bor. Bilarsiz, balki bilmassiz, o’zbek adabiyotida yorqin iz qoldirgan mashhur adib, O’zbekiston xalq yozuvchisi Tog’ay Murod Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining Xo’jasoat qishlog’idan bo’ladi. Bu qishloq o’zbek adabiyotiga, mustaqil Vatan adabiyotiga ham kirdi. Butun tamoyillari, odamlari, ularning fe’l-atvori, urf-odatlari, to’y-tomoshalari, ko’pkari, kurashlari bilan adabiyotda mustahkam o’rin olgan Xo’jasoatni, boringki, Oltinsoyni, oltinsoyliklarni yaxshi bilaman degan odam boshqa har xil manbalarni titkilashga vaqt sarflamasdan, Tog’ay Murod kitoblarini o’qiyversin.
Qachonlardir purhikmat va jozibali Xo’jasoat qishlog’i Tog’ay Murodni ardoqlab, erkalatib kamolga yetkazdi, so’ngra katta hayotga, demakki, ulkan adabiyotga yo’lladi. O’z navbatida Tog’ay Murod ham Xo’jasoatni ulug’ hurmat va ehtirom bilan katta adabiyotga olib kirdi. Xuddi Dog’iston shoiri Rasul Hamzatov Sada ovulini adabiyotda, demakki, dunyoga mashhur qilgani kabi, xuddi qirg’iz adibi Chingiz Aytmatov Shakar ovulini olamga yoygani kabi Tog’ay Murod ham Xo’jasoatni, uning qirlari, adirlarini, oppoq-oydin kechalarini, boring¬ki, butun Surxonni o’ziga xos mahorat bilan adabiyotga olib kirdi.
Aslini olganda, har bir shoir yoki yozuvchi uchun o’z tug’ilgan qishlog’i, ovuli, mahallasi butun umri, hatto sakson-yuz yil yashab, yozsa hamki, aslo tugamaydigan mavzu bo’lib qoladi. Qis¬qa umri davomida, xo’jasoatlik adib o’z yurtini, elini mahorat bilan kuylashga ulgura oldi. Bu borada adib uncha-muncha yozuvchi-shoirlar qilolmagan ulkan ishlarni uddalaganini e’tirof etish bizning burchimiz.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:30:06
* * *

Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanini yozishdan avval, aniqrog’i, 1988 yil bahorida Toshkentdan Surxondaryoga kelib, «Oltinsoy tongi» gazetasida bir necha muddat ishlaganidan ham xabaringiz bordir. Aslida Tog’ay Murod Surxondaryoga «Otamdan qolgan dalalar» romani uchun material to’plash, xalq hayotini, dehqon mehnatini o’rganish niyatida kelgan edi. Uning bu maqsadini o’sha vaqtlar «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasiga bergan intervyusi ham tasdiqlaydi. Tuman gazetasida ishlash esa adibning asl maqsadiga erishish uchun qo’l   kelardi.
Gazetaning bir sonida yozuvchi «So’fi Olloyor kim bo’lgan?» sarlavhali maqolasini e’lon qildi. Bu maqola o’z davrida ko’plarga yoqdi va ayni paytda ko’plarga yoqmadi ham.
Sobiq saltanatning sobiq mafkurasiga belini mahkam bog’lab xizmat qilayotganlar, unda-bunda panalab yurguvchilar hayallatmasdan mazkur maqola chop etilgan gazetadan bir donasini konvertga joylab o’sha paytdagi O’zbekiston kompartiyasi markaziy komitetining birinchi kotibi nomiga jo’natishadi. Oradan ko’p o’tmaydi. Yuqoridan kelgan topshiriqqa binoan, maqola raykomning byuro yig’ilishida muhokamaga qo’yiladi. Fol ochib yoki tavakkal gapirib nima qilaman: men raykomning bu yig’ilishida ishtirok etmaganman. Shu davrda «Oltinsoy tongi»Â¬da ishlagan Jo’ra Qodirovning guvohlik berishicha, raykom byurosi yig’ilishi chiqargan qarorda shunday so’zlar bor edi: «Gazeta muharriri Eshmirza Muhammadievga qattiq hayfsan berilsin. Bo’lim mudirlari ogohlantirilsin. Tog’ay Murod gazeta ishidan chetlashtirilsin».
Xullas, qo’llariga kaltak olib Tog’ay Murodni quvlaydilar. Adib yo’lini to’g’ri Toshkent sari soladi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:30:29
Aytishlaricha, shu maqola chiqqan son gazeta taxlamlaridan ham olib ketiladi. Hattoki redaktsiyaning o’zida ham biror nusxa qolmaydi. Kimdadir qolgan bitta gazeta qo’lma-qo’l bo’lib, kechasiyu kunduzi o’qiladi. Shu sonni allakimning qo’lida ko’rgandim. Ishonasizmi, o’qilaverib-o’qilaverib, qo’ldan qo’lga o’taverib, gazeta uvadalanib ketay degandi.
Bu maqola atrofidagi g’alva, yaxshi-yomon gaplar hali lopillab turgan kunlarning birida obkomda jurnalistlarning qandaydir yig’ini bo’ladi. Unda muharrirlar, bo’lim mudirlari ishtirok etishadi. Yig’ilish boshlanishidan avval chekkada bir muddat  o’zaro gurung bo’ladi. Yana «gunohkorlarning gunohkori» bo’lgan, aniqrog’i, davrning katta «gunohkor»laridan  biri sanalgan bosh muharrir Eshmirza Muhammadievni savolga tutishadi, gap bilan rosa savalashadi. So’ngra tanbeh berishadi, aql o’rgatishadi.
Shunda rayon gazetalaridan birining muharriri mana bunday deydi: «Eshmirza aka, kommunistik partiyaga, Lenin komsomoliga tosh otmoqchi bo’lgan Tog’ay Murodga o’xshagan siyosiy savodsiz yozuvchilardan nechovining nomi o’chib ketadi. Lekin hech qachon shuni esdan chiqarmangki, kommunistik partiya, Lenin komsomoli abadul-abad yashaydi! Biz kommunistlarmiz, har qanday adashganning gapiga uchib ketavermasligimiz kerak, Eshmirza aka!» O’z navbatida Eshmirza aka uning barcha gaplarini diqqat va e’tibor bilan eshitadi va haq rost, degandek bosh irg’ab tasdiqlaydi. Boshqa iloji ham yo’q edi. Zamon ko’p nozik edi. Kommunistik partiya yuritayotgan siyosat qilich tig’idan ham  o’tkirroq edi. Agar ozgina chayqalsangiz ham biror yeringizni kesib yoki tilib ketishi muqarrar edi. «Oltinsoy tongi»  g’azetasining bosh muharriri buni juda yaxshi bilardi. Yaxshi bilgani uchun ham Tog’ay Murodning maqolasi xususida gap ochilishi bilanoq o’zini darhol «aybdorlarning aybdori» deya e’lon qiladi-qo’yadi. Malomatdan qutulishning birdan-bir yo’li shu edi, chamasi. Qolaversa, Eshmirza aka egilgan boshni qilich kesmaydi, degan aqidaga ham qattiq amal qiladiganlardan edi.
Obkom binosidagi qisqa gurung orasida «Tog’ay Murodga o’xshagan siyosiy savodsiz yozuvchilardan nechovining nomi o’chib ketadi», deya kamoli ixlos bilan bashorat qilgan muharrir ko’p o’tmay ishsiz qoladi. Keyinchalik ayrimlar uning Termizga ish izlab kelganini ham ko’rishgan. Qaysidir bir tarmoq gazetasidami yoki oilaviy bo’lib chiqarilayotgan gazetadami sal fursat ishlab ham ko’radi. Lekin uzoq dosh berolmaydi,  chamasi. Gapning ochig’i, uning qo’lidan ko’p ishlar kelardi. Faqat uddalab yozish kelmasdi, xolos. Keyinchalik u zim-ziyo g’oyib bo’ldi. Hozir qaerda nima ishlar bilan mashg’ul? Yoki nafaqaga chiqib oyog’ini uzatib yotibdimi? Bundan mening xabarim bo’lmadi.
«So’fi Olloyor kim bo’lgan?» maqolasidan so’ng Tog’ay Murod nomi odamlar ongiga yanada mahkamroq va chuqurroq o’rnasha bordi. Raykomning byuro yig’ilishida astoydil qoralangan bu maqola adib shuhratiga yana shuhrat qo’shishga xizmat  qildi.

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:31:31
* * *

Obkomda o’tgan yig’ilishdan ko’p o’tmay bir guruh jurnalist¬lar Toshkentga yarim oylik o’quv seminariga yo’l olishdi. Ular orasida men bilan Eshmirza aka ham bor edik. O’qishga Markaziy Osiyoning barcha respublikalaridan jurnalistlar tashrif buyurishgan edi. O’qish, mashg’ulotlar sobiq oliy partiya maktabida olib borildi. Bir kuni Eshmirza aka gap topib keldi:
—  Ikkovimizni Tog’ayboy uyiga mehmondorchilikka chaqir¬yapti. Shunga boramiz. Ketdik, tez bo’ling! Pushkin metrosining oldida kutib turaman, deb aytdi.
Men o’zimcha Eshmirza akaga bir hamroh  kerak  shekilli, shuning uchun meni ham birga yurishga da’vat etyapti, deb o’yladim.
— Eshmirza aka, siz o’zingiz boravering. Men ham borsam, Tog’ay akaning ko’ngliga malol kelishi mumkin. Balki sizda biror gurungi, gap-so’zi bordir? —  o’zimni noqulay sezib, shunday dedim.
— Men o’zimdan chiqarib taklif qilayotganim yo’q. Tog’ayboyning ko’ngli nozikligini, hamma bilan ham gurung qilabermasligini yaxshi bilaman. Uning o’zi sizniyam uyiga chaqir¬yapti, — dedi Eshmirza aka.
Shundan so’ng qo’shilib yo’lga tushishdan o’zga chora qolmadi. Ikkinchidan esa, Tog’ay Murod bilan gurunglashishga ishtiyoqim ham bor edi. Yo’l-yo’lakay Eshmirza aka «Paxta» degan ixchamgina tort ham xarid qildi. Haqiqatan ham,  Pushkin metrosiga kiraverishda Tog’ay Murod bizni kutib turardi. U ko’zimga qandaydir ma’yus va horg’in ko’rindi. Tog’ay akaga yaqinlasharkanmiz, Eshmirza aka qo’lidagi tort¬ni menga tutqazdi. Bildimki, diydorlashuv shunchaki bo’lmaydi. Hamrohim quchoqlarini katta ochgancha, «Qani, Tog’ayboy, odamni sog’intirib yubordingiz!» —  deya peshvoz boraverdi. Ikkovlon astoydil quchoqlashib uzoq ko’rishdilar.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:32:18
Ikkovlarining ham yelkalarini, butun vujudlarini o’zaro mehrmi, sog’inchmi — titroqqa solib turardi. Xuddi ko’p zamonlar ko’rishmagan aka-ukalardek, balki mehribon tog’a-jiyanlardek bo’lib ko’rishdilar,   nazarimda. Tog’ay aka avval Amir Temur xiyoboniga borib, sal¬qin tushguncha dam olib, gurunglashishni, so’ngra esa uyga borishni taklif qildi. Aytgancha, sentyabr oyi edi, havo saratondagidek issiq bo’lmasa-da, biroq salqin ham emasdi. Bu gapni aytishdan muddao shuki, Eshmirza akaning qo’lidagi tort issiqdan erib borayotgani qutiga yoyilayotgan yog’idan ham bilinib turardi. Shunda Eshmirza aka qo’lidagi tortga ishora qilib, «Buni nima qilamiz, Tog’ayboy?» —  dedi. Tog’ay aka esa hayron bo’ldi, so’ngra tortga tikilgancha ancha muddat jim qoldi. Nazarimda, tortni nima qilish kerakligi  katta bir muammoga, yechilishi mushkul bo’lgan yumushga aylangandek edi. «Paxta»  torti nima bo’ldi? Bu o’z yo’liga. Uchovlon asta-sekin Amir Temur xiyoboni tomon yo’l oldik. Toki salqin tushguncha o’sha yerdagi oshxonada o’tirdik, judayam maroqli gurung bo’ldi, deya olmayman. Har qalay, tayinli biror narsa yodimda qolgan emas.
Salqin tusha boshlagach, qaytdik. Eshmirza aka ketishga ijozat so’radi. Lekin Tog’ay aka izn bermadi, astoydil uyiga taklif qildi. Ko’ngli bo’sh Eshmirza aka rozi bo’ldi. Shunday qilib, Tog’ay akaning uyiga yo’l oldik. Borishimiz bilan Tog’ay aka hali taqillatishga ulgurmasdan eshik ochildi. Eshikni lang ochgan va o’zini chekkaga olgan Ma’suma yanga ochiq chehra   bilan bizni uyga taklif qildi: «Xush kelibsizlar, kelinglar, kelinglar!»
Tog’ay akaning uyida ancha mahal gurunglashdik. Men bu suhbatda gaplashuvchidan ham ko’ra ko’proq tinglovchi, faol eshituvchi bo’ldim. Ora-orada gapirishga zarurat tug’ilsa, gapirdim, xolos. Agar shu yerda men Tog’ay Murod juda gurungpaz odam edi, rosa gurung berdi, desam aytganlarimning anchasi yolg’onga chiqib ketadi. Lekin Eshmirza akani yaxshi ko’rgani bois, unga ishongani bois, Oltinsoydan olib qaytgan ko’ngil jarohatlari hali bitib ulgurmagani bois ham gurungga o’t qalashga astoydil harakat qildi, deb o’ylayman. Tog’ay aka Eshmirza akaga astoydil uzrxohlik qildi,  qayta-qayta kechirim so’radi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:32:37
— Aka, meni deb jazolandingiz, yaxshi-yomondan gap eshitdingiz, shundan ko’nglim haliyam xira. Agar shu ish bo’lmaganida edi, siz bilan hali ancha ishlash niyatim bor edi. Lekin, aka, sizniyam, meniyam og’zimizni ongnib, aytgan gaplarimizni sotib yurgan odam ham bo’ldi. Uni siz yaxshi bilasiz, aka? — dedi Tog’ay aka fe’li va ishi noma’qulroq bir odamning nomini tilga olib.
—  Bilaman, Tog’ayboy, bilaman, —  dedi Eshmirza aka ham shosha-pisha. —  Nimayam derdim, ukajon. Har kim o’zi biladi. Siz aytgandek, uning bemaza odatlari borligini men ham ke¬yinchalik payqab qoldim. Odam olasi ichida deganlari shu-da...
Lekin Tog’ay aka negadir shu «gap ongnib eshitganlarini qaergadir sotadigan» odam haqida yana ancha gapirdi:
— Mayli, o’zingiz bilasiz, meni aytdi dersiz. Lekin, aka, shu odamdan juda ehtiyot bo’ling, — dedi Tog’ay aka, barmog’i bilan ishora qilib. Keyin yana qo’shib qo’ydi: —  Ehtiyot bo’ling, u chayon yana chaqishi mumkin, chaqadi ham!..
Undan-bundan gurung qilib, vaqtni allamahalga yetkazdik. Eshmirza aka qaytishga ijozat so’radi. Tashqariga chiqdik. Agar adashmasam, vaqt kechasi o’n birlardan oshgan edi. Uchovlon Pushkin haykali yaqiniga bordik. Tramvaylar qatnovi hali to’xtamagan edi. Biz chiqishimiz kerak bo’lgan tramvay ham yetib keldi. Xayrlashuv onlari yetdi. Eshmirza aka bilan Tog’ay aka uzoq  quchoqlashib turdilar.
Nihoyat, ular bir-birlarini qo’yvordilar. Biz tramvayga chiqdik. Tramvay asta yo’lga tushdi. Biz chiqqan tramvayga qaraganicha Tog’ay aka hamon joyida qotib turardi...

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:33:31
* * *

Termizga kelganimdan so’ng Tog’ay aka telefon orqali ikki marotaba yo’qladi. Bir-ikki masala yuzasidan suhbatlashdik. Telefonini yozib olishimni va zarurat tug’ilsa, bemalol qo’ng’iroq qilishimni tayinladi. Bilasizmi, necha yillar, necha o’n ikki oylardan atigi ikki-uch daqiqa ajratib, Tog’ay akaga qo’ng’iroq qilish uchun vaqt bo’lmadi...
Men adibimiz bilan gazeta uchun bir suhbatlashishni ko’nglimga tugib yurardim. «Mohiyat» gazetasining  sobiq bosh muharriri, yozuvchi Abduqayum  Yo’ldoshev Tog’ay Murod bilan uchrashib, suhbat tayyorlab berishimni bir necha marta iltimos qilgandi. Men esa har gal quyuq va’da berardim. O’zimcha fursatini belgilab yurgan kunlarning birida Tog’ay aka bu olamdan o’tib ketdi. Adib qazo qilgan kuni Toshkentda edim. «Mohiyat» gazetasi tahririyatida Abduqayum Yo’ldoshev afsus bilan eslatdi:
—  Paysalga solib, suhbatniyam boy berdingiz. Tog’ay Murod ham o’tib ketdi! O’z vaqtida bir suhbat bersak, sizu bizdan esdalik bo’lib qolardi. Nimayam deymiz, taqdir qilmagan ekan-da, birodar...
Men biror so’z aytishga ojiz edim. Tog’ay Murodning bu dunyodan bemavrid ketib qolishini qaydan bilibman.
O’zbekiston xalq yozuvchisi Tog’ay Murod televideniega, radio yoki gazeta-jurnallarga intervyu berib, xumordan chiqqan emas. Chamasi, bunga uning ko’pam rag’bati yo’q edi. Qolaversa, ko’ngli istamagan odam bilan agar tillo bersalar ham suhbatlashmasdi.
Shunday ijodkorlar borki, garchand adabiyot maydonida ishni do’ndirib qo’ymagan bo’lsalar-da, muxbirlarga intervyu berishni juda do’ndiradilar. Muxbir kelsa-keldi, kelmasa o’zlari tashabbusni qo’lga olib, suhbat uyushtiradilar. Adabiyotda ishni qoyillatgan Tog’ay Murod esa aksiga olib, muxbirlar suhbatidan, uchrashuvlardan, savol-javoblardan qochib yurardi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:34:09
Har kimning o’z dalasi, o’z ko’chasi bo’ladi. Kimdir dalasiga tikan eksa, kimdir gul ekadi. Shunga qarab odamni farqlaydilar. Shunday odamlar borki, o’z ko’ngil ko’chasini istagan odamga ochib qo’yadi. Bunday ochiq ko’chadan kimlar o’tmaydi. Shunday odamlar borki, o’z ko’ngil ko’chalaridan har qanday odamni ham o’tkazmaydilar. Aytmoqchi edikki, Tog’ay Murod o’z dalasiga anvoyi gullar ekishga ulgurgan adibdir. Aytmoqchi edikki, yozuvchi, inson Tog’ay Murod ko’ngil ko’chalariga har kimni ham qo’yabermas edi. Jurnalist Norqobil Jalil bilan suhbatda Tog’ay Murod shunday degandi: «Men nimagaki erishgan bo’lsam — barcha-barchasi uchun ana shu fe’limga qulluq qilaman. Men nimaiki asar yaratgan bo’lsam, barcha-barchasi uchun shu fe’limga ta’zim qilaman» («Oltinsoy tongi» gazetasi, 2003 yil 16 sentyabr).
...Yozuvchi, inson, grajdanin Tog’ay Murod ko’ngil qushini har kuni, har subhi sabo qadrdon qishlog’i Xo’jasoat tomon ado bo’lmas sog’inch ila uchirgan. Men bu haqiqatga juda ishongim keladi. Agar shunday bo’lmaganida edi, Tog’ay Murod «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» kabi adabiyotimiz durdonasiga aylangan o’lmas, betakror asarlarini yozmagan, yozolmagan bo’lar edi. Agar yurakda katta muhabbat bo’lmasa, tug’ilgan yurtini, uning odamlarini kuylab bo’lmaydi. Yozuvchi Tog’ay Murod  qalbida esa yurtga, ona-Vatanga nisbatan, demakki, ozod va qutlug’ O’zbekistonga nisbatan katta bir muhabbat, mehr barq urib yashardi.

 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:34:51
SULAYMON OBLOQULOV

KO’NGLI BEHAD NOZIK EDI


— Ana,  Tog’ay  Murod !
Biz  mashinadamiz. Shoira  Qutlibeka  Rahimboeva  mashina  oynasidan tashqariga yuzlanib, shunday dedi. Men shu ondayoq tashqariga ko’z tashlagan bo’lsam-da, Tog’ay Murodni ko’ra olmadim. Bizning mashina yo’lkadan boryapti. Yozuvchilar uyushmasi binosi oldida to’xtadi. «Sharq yulduzi» tahririyati ham shu binoda joylashgan bo’lib, biz hozir shu yerga kelgan edik. «Sharq yulduzi»ning ish faoliyati nashriyotimizning ish faoliyati bilan chambarchas bog’liq edi. Bu — 1982-1983 yillar, o’sha vaqtlari Yozuvchilar uyushmasi «O’zbekiston» mehmonxonasi ro’parasidagi binoda  joylashgan edi.
Yaqinda «Yoshlik» jurnalida chiqqan «Ot kishnagan oqshom» qissasidan hayratda edim. Har joyda muallifini surishtirishni qo’ymasdim. Muallifini hali juda oz kishi tanir ekan. Tez orada men ham"¦ sakkiz qadam naridan ko’rdim. Yozuvchilar uyushmasi zalida —  oramizda o’ntacha qator bor — bu masofa sakkiz metrcha keladi. («Eng oxirgi qatorga o’tirib olardim», — deydi Tog’ay Murod). Yozuvchilar masjidi (T. M.) zali ijod ahli va havaskorlari  bilan liq to’lgan. Yilning nasriy asarlari muhokamasi bo’lyapti. Minbarda —  ustoz Said Ahmad.
Ular «Ot kishnagan oqshom»ning fazilatlari to’g’risida hayajon bilan so’zlamoqdalar. Qissaning g’oyatda ta’sirchanligi, o’zbekona iboralari"¦
   — Tog’ay Murodning o’zi shu yerdami? — birdan so’rab qoldilar Said  Ahmad domla zal ahliga yuzlanib. Zalning eshigi yonlarida ham ishtirokchilar —  kechikib kelganlar tik turishibdi. Shu joyga yaqinroq —  so’nggi qatorlar tarafdan Tog’ay Murod o’rnidan yuksaldi. Hamma shu tomonga o’girildi. Tog’ay Murod darrov joyiga qayta o’tirdi. Unga qaraganlarning ayrimlari negadir kulib yuborishdi. Bu beozor kulgi edi. «Mana men! Qaranglar. Qalay?» —  deganday yuzida tabassum bilan turgan edi Tog’ay Murod.
Egnida katak-katak kostyum bor edi o’sha kuni.
Endi o’ylab qarasam, Tog’ay Murodni bundan  oldin ham bir ko’rgan ekanman. O’shanda biz hatto bitta stol atrofida o’tirib ovqatlangan edik. Bu —  1978-1979 yillar, biz Bosh univermag yaqinidagi lag’monxonadamiz. Rauf Parfi, Ahmad A’zam va yana bir kishi o’tirgan stolga Ahmad akaning taklifi bilan boshqa stoldan olib o’tgan kosamni asta qo’yib, tortinibgina ularning davrasiga suqildim. O’sha mahallar Ahmad aka bilan Mirpo’lat Mirzaev birgalashib «Almanax» to’plamini muntazam ravishda chiqarayotgan edilar. Men u dargohga bo’zchining mokisiday qatnashni odat qilgan edim. Stolga o’tib o’tirgach, Ahmad aka meni ularga, notanish yigitni esa menga tanishtirdi: «Yulduzlar mangu yonadi» qissasining muallifi Tog’ay Murod.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:35:38
Men bu qissani o’qiganim yo’q edi. Shuning uchun hozir uning muallifiga jilla e’tibor qilmadim. Qizg’in va sergak so’zlayotgan Rauf Parfiga diqqatim qaratilgan edi.
Stul suyanchig’iga barvasta qomatini tashlagancha Tog’ay Murod jim o’tirdi. Hammaning oldida pivodan bo’shagan shishalar bor edi.
Ko’p yillar  G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nash¬riyotida ishlagan Omon Matjonning bir gapi bor edi. Shoir borki, yozuvchi borki, u axir bir kuni nashriyotga keladi.
Hatto Tog’ay Murod ham keldi. Uning bu kelishi hayotida burilish yasadi —  shu nashriyotda ishlaydigan qizga uylandi. Turmush o’rtog’i adiba Ma’suma Ahmedova shu nashriyotning proza bo’limida muharrir bo’lib ishlardi. Yo’q, men ilgarilab ketdim shekilli"¦ «Ot kishnagan oqshom»dan keyingi asari «Oydinda yurgan odamlar» «Sharq yulduz»ida qisqartirib bosildi. Bu uning eng bahsli asari edi. Qisqartirilgan holda chiqayotganidan kuyungan muallif tahririyat xodimlaridan qissaning sarlavhasi ostiga «jurnal varianti»  deb qo’yishlarini so’raydi. Shundoq  deb  aytdim, degan edi menga.
U barcha adolatsizliklarga murosasiz bir ohang bilan, o’z so’zining adolatiga chuqur ishonch  bilan  so’zlar  edi.
Bizning xonamiz — «Original proza bo’limi» xonasiga u tez-tez kelib turadigan bo’ldi. O’sha kunlarda ikkinchi kitobi chiqayotgan edi. Muharriri — Mirzapo’lat Toshpo’latov. Ikki yangi qissa va ikki eski hikoyadan iborat qo’lyozmani muallif va muharrir bosmaxonaga tayyorlash ishlarini olib borayotgan edilar. Bu 1984-85 yillar edi. SSSRda «qayta qurish»ning dast¬labki yillari. Kun sayin yangi-yangi qarorlaru turfa kurash-kampaniyalar avj oldirilayotgan mahallar. Alkogolga qarshi, dinga qarshi"¦ O’zbek adabiyotida esa o’sha kunlarda «Oydinda yurgan odamlar»ga qarshi"¦ bu asarning har satridan dinga doir ma’nolar topib, asarni va muallifini sarsonu sargardon etishayotgan edi. Tog’ay aka o’zining chin haqiqati bilan bir tomon, boshqalar o’z haqiqatlari bilan ikkinchi tomon. Bu tortishuvda kim yutdi? To’g’rirog’i, kim haq bo’lib chiqdi? O’shanda ham, hozir ham Tog’ay Murod yutdi, Tog’ay Murod haq bo’lib chiqdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:36:00
O’sha kunlarda Amerika yangi raketalarini G’arbiy Germaniya hududiga joylashtirishga urinayotgan, SSSRda bunga qarshi norozilik kampaniyasi avj oldirilayotgan, esimda, shu munosabat bilan o’sha kunlari Tog’ay Murod bosmaxonaga jo’natilayotgan qo’lyozmasiga Amerikaning shu tadbiri haqida yangi jumla kiritdi. Bu jumla keyin kitobdan tushib qoldimi, bilmadim.
Bu paytda biz mashhur adib bilan so’zlashadigan darajada tuzukkina tanish va yaqin edik. Uning bilan muloqot, suhbat men uchun juda qiziqarli va menga kerak edi. Katta talant egalarining har sohaga doir mushohadalarini, — ayniqsa, adabiyotga doir fikrlarini bilgim kelardi. Ularning, masalan, kitobga, mutolaaga munosabati. Falon-falon yozuvchilarni o’qiganmi-yo’qmi, ba’zi yozuvchilar haqidagi fikri.
Mana  bir  shunday  suhbat.  Biz  «Original  proza»  xonasida  o’tiribmiz.
—  «Alpomish»ni  o’qiganmisiz? —   so’rayman.
— O’qiganman.
— Men  esa — yo’q"¦
— Nega? (Aynan — «Nega?» degan edilar.)
Anatoliy  Ananev  romanlari haqida so’rayman. Psixologik tasvirlari, jumlalarining haddan tashqari uzunligini aytib, uni o’qiganmisiz, deyman.
—  Faqat «Verstс‹ lyubvi» romanini o’qiganman.
Yuriy Bondarevning yangi romani chiqqan edi — «Igra», shuni so’rayman.
— O’qidim. Yoqmadi.
Bu romanning ta’sirchan o’rinlarini Tog’ay akaga eslatib (Rossiya va Amerika kinorejissyorlari — Kramer  edi chog’i, bittasining ismi — Moskva cherkovlarining birida birgalikda ibodat qilib xudodan tinchlikni so’rashlari manzarasi) shuni eslatib, bu roman  haqidagi fikrini yumshatishga  behuda  urinaman. Tog’ay  aka  deydi:
— Rossiyaning  eng  kuchli  yozuvchisi,  bu —  Valentin  Rasputin.
—  «Proс‰anie  s  Matyoroy»  qissasini  yaxshi  tushunmadim, —  deyman  men.
—  U eng zo’r asari-ku, —   deydi Tog’ay aka.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:36:58
Men ham o’zim o’qimagan yozuvchilar —  Marsel Prust, Kafka, Joys, Kamyularni o’qiganmi-yo’qligini bir-bir so’rayman va hammasiga tasdiq  javobini olib, o’zimcha, bundan ke¬yin men ham avvalo shov-shuv bo’lgan mashhur «boshqacha» asarlarni birinchi navbatda o’qib chiqishga harakat qilishim lozimligini o’ylayman.
Biz o’zaro suhbatlarda o’zbek yozuvchilari haqida kam gapiramiz. Chunki o’z  yozuvchilarimizni biz yaxshi bilamiz. Ularning kitoblarini o’qib katta bo’lganmiz. Bizda har birining ijodi to’g’risida yaxshigina va to’g’rigina tasavvur shakllangan. Qisqasi, go’yo, o’zimizcha o’zimizga deymiz: o’zimizning yozuvchilar —  o’zimizniki. Bari yutuq-kamchiliklari ham o’zimizniki. Boshqalardan so’zlaylik! Shuning uchunmi, asosan, boshqa xalqlar adabiyotidan gapiramiz. Innankeyin buning sal oliftagarchilikroqligi — moda tusini olganlik jihati ham yo’q emas-da.
Bir kuni men, Abdulla Qahhorning «Dahshat» hikoyasi oxiridagi bir holat —  hikoya qahramonining yelkasiga qo’qqisdan maymun sapchib qolishi manzarasini aytib, bu g’alati, dedim. Bu yerga maymun qaerdan keldi? U qaerda edi? Nega u hikoyaning avvalrog’ida ko’rinmadi-ko’rsatilmadi, osmondan tushganday birdan paydo bo’ldi? Axir  bizning  o’lkamizda maymun bo’lmasa,  yashamasa. Shunday  bo’lgandayam  mayli  edi, tushunarli  bo’lar edi.
Bu  shakkokona «tanqid»imga  Tog’ay akaning javobi shu bo’ldi:
 —  Bu gapingiz o’z otasini muhokama qilishday gap.
Nimadir munosabat bilan bir kuni Asqad Muxtorning «Chinor» romanini maqtadi. O’zbek adabiyotining eng yaxshi romanlaridan biri, dedi.
Biz kattagina xonada asosan besh kishi besh stol yonida o’tirib ishlardik. Shoir Shamsi Odil, yozuvchilar Ma’suma Ahmedova, Mirzapo’lat Toshpo’latov, Ma’suda va men. Mening stolim yonida deraza ostida almisoqdan qolgan tog’oraday chuqur bir kreslo turar edi, xuddi shunday yana bittasi kiraverishda eshik yoniga qo’yilgan. Deraza ostidagisi Tog’ay akani doimiy suyukli joyi bo’lib qolgan. Biz o’z ishimiz bilan band, «Qo’shiq» muallifi xonamizga tashrif buyurganda shu kresloda bir narsani o’qib yo o’qimay, zerikmay, to’g’ri eshikka tomon shunday jimgina qarab o’tirar edi. Ma’sudaxon hadeganda hammamizga choy quyib beradi. Tog’ay aka uzatilgan choyni hech qaytarmaydi. Bir nimani so’ramasa, o’zi gap boshlamaydi. Mening esa undan bilgim keladigan narsalar ko’p.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:37:40
Bir kuni stol ustiga qo’lini uzatib, «Yaponskie pisateli o literature» nomli kitobni olib, uni o’qishga tushdi va uzoq  o’qib  o’tirdi. Ketayotib ham o’zi bilan  shu  kitobni  opketishni  so’radi. Hozir mening shaxsiy kutubxonamda ajoyib  bir  kitob — bu ham yapon yozuvchisi Akutagava kitobi saqlanadi: Tog’ay akalar xonadonidan. U men uchun qadrdon, aziz kitoblarimdan biriga aylangan.
Tog’ay aka Moskvaga Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining ikki yillik Oliy  adabiyot kurslariga o’qishga jo’nadi. Ta’tilga kelganida bir kuni biz suhbatlashgancha nash¬riyot binosidan ko’chaga chiqdik. Navoiy ko’chasi bo’ylab cho’zilgan hozirgi rang-barang do’konlar o’rnidagi avvalgi do’konlar —  hozirgi qadar men bilganim, to’rt marta yangilandi —  qayta qurildi. O’sha paytlarda ikkinchi o’zgarishi edi. Bu do’konlaru oshxonalar pastqamlikka tushirilib, betlari ko’hna Egarchi mahallasiga qaratilgancha qurilgan —  bu gal endi shu holda hech o’zgarmay turadiganday edi. Oshxonadan tushlik qilib chiqdik-da, katta ko’cha bo’ylab cho’zilgan yo’lkada nari-beri yurib sayr eta boshladik.
— Juda qitmir bo’lgan, —  dedi Tog’ay aka (A.P. Chexov haqida). —  U o’z yozuvchilik sirlarini boshqalardan bekitgan, yashirgan, pinhon tutgan.
Men bu fikrga qo’shilmadim. E’tiroz  etdim.
— Moskva chexovshunoslari gapini aytyapman, —  dedi Tog’ay aka.—  O’sha olimlar ma’ruzasidagi fikrlardan bu.
Nufuzli chexovshunoslarning nufuzli fikrlari o’z yo’liga. Chexovning o’n ikki jilddan iborat xatlari orasida Gorkiyga yozganlari va Gorkiy ijodi to’g’risida boshqalarga yozgan xatlari ham borligi, ular orasida o’z ijodiy tajribalaridan kelib chiqib, yosh Gorkiyga bergan maslahatlari borligi va bular ko’pligi —  shularni eslatganimda"¦ Tog’ay aka jim qoldi. (Bu sukuti balki: chexovshunoslar va Tog’ay aka tushunayotganlarni men baribir tushunmasligim andishasidan bo’lsa kerak. Shuning uchun bahsni to’xtatgandir.) Men gapni qissalariga qaratib, ularni ruschaga tarjima ettirish borasidagi fikrini so’radim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:38:08
— Valentin Rasputin bilan shu haqda gaplashdim. Rozi bo’ldi. Odam sifatida oddiy, kamtarin  ekan.
Hozir o’ylab qarasam, nashriyot uchun yomon xodim, yaxshi mualliflar uchun esa bunday emas muharrirligim: mualliflarning uslubiy o’ziga xosliklarini tushunish yo’lidagi toqatim, qo’lyozmalardagi qaltisroq mafkuraviy fikrlarga beparvoroqligim yoki liberallik ko’rsatishim va nihoyat uchinchi korrekturada ham — agar shu lozim bo’lsa — ko’p tuzatishlar kiritishdan toymasligim nashriyotga va o’zimga ziyon, mualliflar uchun esa bu ayni muddao edi.
1987 yilda Tog’ay  Murodning  uchinchi  kitobi «Qo’shiq»qa men muharrirlik qildim. Bu kitobga  «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi boshqacha nomda —  «Davra» nomi bilan va eng yangi qissasi —  «Qo’shiq» kiritildi.
Ilk qissasi haqida o’zi:
— Bir vaqtlar kinorejissyor Hoji  Ahmar shu qissam asosida film suratga olaman, deb aytib yurar edi,  —  degani mening yodimda.
Yangi qissa «Qo’shiq»ning bir joyida ko’lmak ostidagi qurt¬chalar manzarasi bor. Bunaqa qurtchalar qizil rangda bo’ladi. Shunday emasmi, dedim muallifga. Va ularga qizil tusini berdik. Ushbu «tuzatuv» qo’lyozmadagi mening yagona «tahrir»im edi.
Bu kitobning qo’lyozmasi bosmaxonaga jo’natilish arafasida muallif uni mening ish stolimdan uyiga oldirdi. Va qo’lyozmani nashriyotga (menga) boshqa qaytarmay, o’zi ham nashriyotga kelmay qo’ydi. «Kitob chiqmaydi, chiqishini istamayman», dedi telefonda. Nega, keling, gaplashaylik, desam, unamaydi.
«Qo’shiq» «Yoshlik» jurnalida bosilib chiqqandan buyon bu qissa to’g’risida adabiy jamoatchilik og’zida aytilayotgan turfa fikrlardan men ham oz-moz xabardor edim. Ko’pchilik bu qissani boshqalardan zaifroq, deyishar edi. Ayrimlar esa qissaning satrlari orasidan qing’irliklar izlardi. Ba’zilari —  asarning obrazlarida o’zlarini tanib tutaqardi. Qisqasi, hasadgo’ylar «gap sasirdi» (T. Murod iborasi.) Men uchun esa bu asar ham boshqalari kabi edi — zo’r badiiy asar edi. Kuchli ijod mevasi. Asari to’g’risidagi har xil fikrlar, baland-past gaplar  albatta muallifning qulog’iga ham yetayotgan bo’lsa kerakki"¦ Darvoqe, shunday, u o’z asarini qaytarib olishdan sal oldinroq bir kuni menga gap orasi aytib qoldi —  bu qissaning bosh qahramoni Tursunning ayrim xislatlarini avvalo o’zimdan ham olganman. «Ot kishnagan oqshom» asarining bosh qahramoni haqida ham muallif xuddi shu fikrni aytgan edi. Yana bir gap. «Qo’shiq»ning shunday bir joyi bor: Surxon vohasi dalalarida film suratga olgani borgan iste’dodsiz bir aktyor zerikkanidan ahmoqona ish qiladi. Ya’ni u tirik qushchaning og’ziga sigaret cho’g’ini tiqadi — ermakka. Tog’ay aka qissaning shu joyi ustida to’xtalib aytgan edi menga: bo’lgan voqea, o’zim  ko’rganman.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:38:25
Tog’ay akani uncha-muncha bilgan kishilar biladi: Tog’ay Murodga ma’qul odam bo’lish qiyin. Odamdan darrov ko’ngli qoladi, yuz o’giradi. Yo’q. Aslida bu narsa biz o’ylagandan ko’ra murakkabroq bo’lishi haqiqatga yaqinroq. Bu haqiqatni tusmollagan holda aytging keladi. Dunyoda hech bir kimsaga va narsaga ziyoda talabchan yondashmaslik, ziyoda mehr ham, ziyoda nafrat  ham ko’rsatmaslik lozim ekan shekilli. Axir hamma ham har jihatdan mukammal bo’lishi qiyin. Komillikka intilaverish — bu boshqa gap, shunga harakatdan tolmaslikning o’zi cho’ng insoniylik, inson uchun katta sharaf. Tog’ay aka «chin» so’zini yaxshi ko’rar edi. Qaysi asarni varaqlab qaramang, bu so’z uchraydi. Bu so’zning ziddi nima? Bu so’zning ziddi, teskarisi bo’lgan so’z —  ma’no nima? Ana shuni"¦ yomon ko’rardi. Ana shuni har bir odamda ko’rardi. U o’zining ham nuqsonlarini bilar edi, tushunar edi, deb o’ylayman. «U birovga birinchi bo’lib salom bermasdi», deydi u bir asarida.
Go’yo  ikki  komponentdan  iborat.
(U men uchun.)
Asli —  o’zi (oltin odam!) va o’tkinchi holatlari.             
Asli —  o’zi muhim! Boshqasi bilan ishim yo’q. Shuning uchun ham uyiga o’zim borib undan qo’lyozmani tortib olishga ahd qilib yo’lga tushdim. Yo’lakay o’ylab borardim: «Bu senga kerak bo’lmasa, xalqqa kerak! O’zbek xalqi uchun kerak! —  shunday deyman unga. — Bunaqa zo’r asarlarni kitob qilib chiqarish esa mening noshirlik burchim»,  deb aytaman, deya o’ylab borardim.
Esimda, uyi eshigini ochdi-yu, gavdasi bilan yo’lakni shundoq to’sib turdi. Shu yerda gaplashamiz, deganday.
— Uyga   kiraylik.
— Yo’q, shu yerda gaplashamiz. Nimaga keldingiz?
Nimalar deganim hozir yodimda yo’q. Yodimda bori esa — ravshan emas. O’sha kelayotib o’ylaganlarimni gapirgan bo’lsam kerak. Hozir faqat ko’z oldimdagisi shuki, eshik oldida kiprik qoqmay"¦ ko’zlarimga sokin tikilib turibdi: mening hayajonli¬ pala-partish so’zlarimni jim eshitdi. Biz shu yerda uzoq so’zlashib turib qoldik. So’ng uyga kirib xontaxta tevaragiga o’tirib ham gaplashdik. Nihoyat qo’lyozmani olib xursand bo’lib chiqib ketdim. «Bir choynak choy ham damlamadi-ya», deya  yo’lda kulib borar edim.
(Bu paytda  Ma’sumaxon nashriyotda edilar).

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:39:32
* * *

Shukur Xolmirzaevning juda ko’p hikoyalari jam bo’layotgan kitob qo’lyozmasi sarlavhasiga ko’zi tushib («Bodom qishda gulladi»), bu kitobning nomini o’zgartishni —  «Hikoyalar» deb yirik-yirik harflar bilan (barmog’i bilan havoda chizib ko’rsatdi) —  kitob betiga qo’yishni"¦ ana shu taklifni stolim ustiga otdi. Bu taklifni u bejiz aytmadi. Bu fikrini u Abdulla Qahhor, Said Ahmad hikoyachiligi — o’zbek adabiyoti hikoyachiligidagi davomiylik mulohazasidan"¦ shu nuqta mushohadasidan kelib chiqib aytdi.
Kitob nomi to’g’risidagi Tog’ay Murodning bu fikrini men Shukur akaga aytdim.
Aytgandayam qay tarzda aytdim!.. Hozir o’ylasam... o’ylabroq gapirmagan  ekanman-da, deb o’ylayman.
— Tog’ay aytdimi"¦ —  dedi Shukur aka va jim qoldi. Va birdan: —  Kitobning nomi o’zicha qolgani ma’qul, — dedi.
Mavlud kuni edi shekilli, bizning xonadonda. Shu munosabat bilan Tog’ay akani va Ma’sumaxonni uyimizga taklif etdik. Biz Egarchi ko’chasida tatar kampirning hovlisida ijarada turamiz. Mirzapo’latlar oilasi ham shu mahallada — bosh¬qa bir tatar kampirning hovlisida istiqomat qiladi. Mirzapo’latlar shu yerda ko’p vaqtdan buyon yashaydi. Biz esa yaqinda kelganmiz. Bu joy ishxonamizga yaqinligi bilan qulay.
Mahalla etagidagi balandlikdan Navoiy ko’chasi tomoniga qarab turibman. Shu tomondan mehmonlar kelishadi. Past¬qamlikda yangi o’tqazilgan terak ko’chatlari oralab o’tgan so’qmoq bor —  shu yo’lak mahallaga yo’l ochgan. Hayajonlanyapman. O’zimni harchand erkin — beparvoroq tutishga urinmay, bo’lmaydi. Hazilmi, bizni uyga Tog’ay Murod keladi! Mirzapo’latga havasim keladi. Necha bor ko’rganman, Abdulla Oripovni bemalol kutib oladi. U Pirimqul Qodirov oldidayam hovliqmaydi, Chingiz Aytmatov bilan ko’rishsayam o’zini yo’qotmaydi, deb o’ylayman.
Ana, kelishyapti. Tog’ay aka shoshilmay, beparvolarcha uyoq-buyoqqa alanglab, namoyishkorona sekin qadam tashlaydi. «Mening holatimni tushunyapti-da, shuning uchun shunday —  menga dalda bermoqchi, hovliqma buncha! —  demoqchi bo’lyapti»,  deya xayolimdan o’tadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:39:54
Men esam aslida, ko’pam anoyi emas, o’rinsiz, keraksiz tortinchoqlik bilan yonma-yon kuchli qat’iyatim ham yo’q emas, ana shu — «yo’q emas» kecha asqotdi"¦
...Mehmonlar kelishdi. Ma’sumaxon, Mirzapo’latning turmush o’rtog’i —  hamma mehmonlarni Viloyatxon bilan men kutib olib uyga kirib o’tirgach, Mirzapo’lat ham keldi. Tezda suhbat jonlanib ketdi, barchamiz shod-xurram gurunglashib o’tirdik. Bu kecha tafsilotini izlab, kundaliklarim papkalarini titkilab qarasam, o’sha kunlar yozilmay qolgan ekan. Demak, yodimda qolganini aytaman. Dahlizda Mirzapo’latga dedim: «Bitta aroq bor, shu yetadimi?» Mirzapo’lat: «Bitta aroq Tog’ay akaning bitta o’ziga yetmaydi». Men o’ylagandimki, kamlik qilsa, Mirzapo’latdan olaman, deb.
Yaxshi tilaklar bildirishdi, uchalamiz jindak-jindak olib, hammamiz oshga qo’l uzatdik, suhbatlashib, lagandagi oshni yarimlatganimizdan so’ng Mirzapo’lat ikkimiz, biz tezda qaytamiz, deb ularning hayhaylashiga qaramay, Navoiy ko’chasiga chiqdik. Taksida qo’lda yashirin aroq sotadigan bir joyga bordik"¦ Qisqasi, o’sha yerdan quruq uyga qaytib keldik. Tog’ay aka bunga aslo afsuslanmadi. Aksincha, aytdim-ku, bekorga ovora bo’lasizlar deb, dedi"¦ Achchiq choyni ichib yana ancha vaqtgacha suhbatlashib o’tirgandan so’ng mehmonlar qo’zg’alishdi, endi falon kuni bizlarnikiga ham boringlar, deya tayinlay-tayinlay ketishgan edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:40:27
* * *

Chinakam adibning «tasodifiy» yozuvlari ham, yo’lakay aytganlari —  suhbatlari ham mumtoz, klassik bo’lib chiqadi. Ular uchun shunchaki yozishning, mundayroq gap qilishning imkoni yo’q! Abdulla Qodiriyda shunday, Valentin Rasputinda bu shunday.
Tog’ay Murodning gazeta-jurnallarda bosilgan va hali kitoblaridan joy olmagan hamma maqola va suhbatlari shunday.
Uning so’z aytishdagi — bu maqola bo’ladimi, minbar so’zimi bu, gazeta uchun yozib olinadigan suhbatmi — ro’y-rost, dangal, o’ta samimiy so’zlashi — keskin  tarzda so’z aytishi bu borada ham erkin va faolroq bo’luviga xalal berar edi chog’i.
U  bir  kuni   aytgan   edi:
— E- he,  men  hali  shunday  maqolalar  ham  yozayki"¦
U  bunga   hech   shubha   qilmagan   edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:40:59
* * *

Xonaga kiraverishda chap tomonda qo’yilgan kresloda o’tiribdi. Xonada qandaydir og’ir jimlik"¦ Bu jimlik «jarangi»Â¬ his etilyapti. Odatda xonamizga «Qo’shiq» muallifi tashrif etganida  biz so’zga — muloqotga  bahonani va shunga kayfiyatni yo’ndirgan, ya’ni albatta, Tog’ay akaga so’z qotib uni suhbatga tortgan, bunga erishgan bo’lardik. Bunday qilishga sabab, uning ko’ngli g’oyatda nozikligi, binobarin, sal e’tiborsizlikdan ozor topishi, dili ranjishi mumkinligi. Shunday bo’lmasligi uchun unga alohida e’tibor... U alohida e’tiborga bolalarcha muhtoj! Bugun esa negadir hammamiz jim. Bugunning samoviy ta’siri shunaqa og’irmidi yo boshqamidi, salom-alikdan boshqa hech so’z deyilmay, sukunatni kelishib qo’yilganday, hech birovimiz buzmay, mehmon bilan ishimiz bo’lmaganday, ishdan bosh ko’tarmay o’tiraverdik. Tog’ay aka sukutda ancha o’tirdi, so’ng o’rnidan turib indamay  chiqib  ketdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:42:18
* * *

Bir kuni tushkun kayfiyatda so’zlab o’tirdi. Gaplari mohiyati shunday ma’noga tomon yo’nala boshladiki (deraza ostidagi kresloda o’tiribdi) —  bundan yuragim «jig’» etib ketdi. Yodimga «Ot kishnagan oqshom» qahramonining holati, araz urib ko’pkaridan qaytib ketayotgani, yo’lda tasodifan uchragan yosh bola, uning bir so’zi —  daldasi sabab, bu niyatidan — yo’ldan qaytgani — asarning shu joyi — manzarasi ko’z oldimga kelib to’xtadi. Qo’rqdim. Tog’ay aka nima deyapti? Ko’nglida nima? Qanday ishga qo’l"¦ Uning ko’nglini ko’tarishga urindim.

* * *

Eski qog’ozlarim ichidan bir maktub chiqdi. Bu xatni Moskvada o’qiyotgan Tog’ay Murodga yoza boshlab, tugatolmay, jo’natilmay qolgan ekan. Bu — 1986-87 yillarda —  «Qo’shiq»qa muharrirlik qilayotganimda yozilgan edi.                                                             

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:43:26
* * *

«Salom,  Tog’ay  aka! «Qo’shiq»ni o’qidim. Sizni  o’qiyotganda  o’quvchining taxminlari yakson bo’ladi. O’qiyotib o’yladim: endi undoq bo’lar (voqealar yo’nalishi), bundoq bo’lar, biroq taxminlarim yakson bo’ldi. O’quvchini chalg’itib boshqa yo’ldan ketasiz!   

* * *

...  Sahifalarda  vaqt, davr almashinuvi! Nedosyagaem!   
 
* * *

...  Stop-kadrlar  yaxshi. Qissa hayajon bilan o’qiladi, esda saqlanib qoladi"¦» 

* * *

... Tog’ay Murod. O’z qissalarini va romanlarini xalqim sha’niga qo’shiq, deb yozdi. Bu qo’shiqlardan xalqimga haykal qo’yaman, dedi. Uning so’zi qat’iy bo’ldi. O’zi kabi so’zi benazir, betakrordir.
           
Ha, u o’z asarlarida «asl odam avlodi»  qiyofalarini yaratdi — xalqning asl fazilatlarini kuyladi.   
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:44:05
* * *

U  ketdi. Bu dunyoning quvonchi ne’matlariga befarq emas edi. Hayotni  sevar edi. Ammo bu dunyoning ajab g’irromliklaridan hayron edi. Ayniqsa, munofiqlikni, tovlamachilikni, firibgarlarni, hayotdagi yuzakichilik-yaltiroqchiliklarni ko’rarga ko’zi yo’q  edi! Hayotning shunday jihatlarini va shunday kishilarni asarlarida qiyofasini yaratib ko’rsatdi, fosh etdi. Kundalik turmushida ham ular bilan umri bo’yi kurashib o’tdi.
Adib! Axir insonlar hayoti u qanday jamiyat shaklini olgan bo’lmasin, bundan behroq, tuzukroq bo’ladimi? Qayda bo’ladi? Kim ko’ribdi!
Bularning barisini sen, Surxonning buyuk farzandi, o’tkir aqling, teran qalbing bilan tushunsang-da, biroq nozik, inja ko’ngling bularni sig’dira olmadi.
(Bu satrlar tugallanmagan asardan. Tog’ay Murodga doir satrlarini o’ziga o’qitib fikrini bilish niyatim bor edi. Ming afsus. Endi bu satrlar o’tgan zamon fe’lini oldi. Mahzun ma’no kasb etdi.)
Uning vafotini (bir haftadan so’ng) eshitganimda gangib qoldim"¦
Ha. Mudom shunday. Biz doim «kechikib yuramiz». Keyin afsuslar, pushaymonlar, armonlar qilib o’tiramiz.
Yurt qayg’usini kuylagan buyuklar safiga Tog’ay Murod nomi qo’shildi. Bu oddiy  haqiqatga  tobora  ko’nika  boramiz.             
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:45:05
NORQOBIL JALIL

«MEN YER BILAN SALOM-ALIK QILAMAN»

Deyarli hammamiz uchun juda g’ayritabiiy tuyulgan bu shiorga u bir umr amal qilib yashadi, desam xato bo’lmaydi. Nega? Chunki u shu fe’li a’moli bilan, qolaversa, hech birovimizga o’xshamaydigan hayot tarzi bilan boshqalardan ajralib turardi. Sezgandirsiz, gap o’zbek milliy adabiyotining namoyandasi rahmatlik Tog’ay Murod haqida ketyapti. «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi», deya erta bashorat qilgan yozuvchining chin dunyoga rixlat qilganiga ham uch yildan oshdi. Lekin hali-hali ijodiy davralarda, oddiy o’quvchilar orasida uning xalqona ijodi, kamtaringina yashab o’tgan umri xususida turli xotiralar aytilyapti. Men ham bugun suyukli adib bilan bog’liq ayrim hayotiy hikoyalarni eslayapman.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:46:07
Birinchi qo’ng’iroq


... Gazetada ishlab yurganimda bir topshiriq bahonasida Tog’ay akanikiga qo’ng’iroq qildim. Ayolini yaqindan tanirdim-u, lekin o’zi bilan hech gaplashmagandim. Ma’suma opa men bilan samimiy so’rashgach, bir oz jim qoldi-da, juda xokisor ohangda: «O’zbekiston ovozi»da ishlaydigan jurnalist ukam siz bilan suhbat qilmoqchi ekan», degandi, uyoqdan: «Qaysi biri, Norqobillar ko’p bo’lsa», degan javob bo’ldi. Mening ham fe’lim o’zimga yarasha bo’lsa-da, sabr qilib o’tirdim. Negaki, Tog’ay akaning qaysarligi haqida ko’p eshitgandim-u, biroq telefonga kelishidan avvalgi «so’roqlari» sal og’ir botdi. Nihoyat, telefon go’shagini ko’tardi.
Quyuq  salomlashdim. U kishi bo’lsa gapimni cho’rt kesdi:
—  Qanday mavzuda suhbat qilmoqchisiz o’zi?
Izoh berdim: «Ozodlik, hayot, adabiyot haqida uch-to’rtta savollarim bor edi. Qachon vaqtingiz bor?» Trubkani qo’li bilan yopdi shekilli, ovozi past eshitildi: «Ma’suma, bu bola mendanam qo’polga o’xshaydi-ku!» So’ng: «Ertaga opang shu tomonga o’tarmish, aytib yuboraman», degan gapining orasidagi «opang», deya sensiragani negadir ko’nglimni ko’tardi.
Ertasi kuni ayoli keldi. Uzoq gaplashdik. Tog’ay aka men haqimda obdan surishtiribdi. «Agar biror narsa yozgan bo’lsa, sendan berib yuborsin, o’qiyin, keyin o’zi bilan suhbatlashaman», debdi. Xuddi shu kuni ikki-uchta she’rlarimni ko’chirib o’tiruvdim, berib yubordim.
Peshindan keyin yana uyiga qo’ng’iroq  qildim. Bu safar o’zi oldi. Endi uyim, ota-onam, o’qishim haqida so’radi va: «Onadan erta yetim qolgan ekansan-da, she’ringni o’qidim, meniyam boshimdan bunday kunlar o’tgan, uka. Qaysi urug’dansan o’zi?» — deb qoldi. Javobimni eshitib: «Meni enam qo’ng’irotlardan, Dehqonobodni qaysidir qishlog’idan edi. Tog’alarim, xolalarim tog’ oshib eshakda biznikiga kelishardi, hozir uzilib ketdik, bilmayman», dedi-da, yozib yuborgan savollarim  ma’qul bo’lganini  va ertaga suhbat tayyor bo’lishini aytdi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:46:31
Mukofot olgan kuni

Shu kuni gazetada navbatchi edim. Bir kun avval Tog’ay Murodga Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berilganini o’qib ko’zlarimga yosh keldi, juda suyundim. Tog’ay aka bu mukofotga o’n-yuz marta loyiq edi.
Kech bo’lsayam uyiga telefon qildim. Odatdagidek, yana Ma’suma opa go’shakni ko’tardi.  Uyda mehmonlar ko’p ekan shekilli, Tog’ay akaga: «Ukangiz so’rayapti», degachgina go’shakni oldi.  «Mayli, suhbat chiqmasa chiqmas, sen hech xijolat bo’lma, men xafamasman, kitobga kiritarman, kelasanmi uyga?» — deb so’radi. «Navbatchi edim, bugun sal kechroq qolyapman», devdim, Tog’ay akaning sal kayfi bor ekanmi, «Qo’ysang-chi, navbatchiligingni, menam dejurlik qilganman gazetingda. «O’zbekiston fizkulturachisi» degan gazet bo’lardi bir zamonlar. Bir marta uyga ketib qolsam, ertasi kuni shu matoh chiqmay qolgan va rosa to’polon ham bo’lgan. Ha, buni qo’y. Xo’p, kelasanmi-kelmaysanmi?» — degan qat’iy savolga boshqa kuni borishimni aytdim...
Ming afsuski, bu orada necha yillar o’tib ketdi. Tog’ay aka bilan ko’risholmadik. Men boraman, deganimda u kishini topolmadim, u kishi uyiga chorlaganida mening ishim chiqib qolardi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:47:25
Tog’ay akaning izi

 To’rt-besh  yilcha avval Denovga bordim. Hozir butun mamlakatga tarqalayotgan «Chag’oniyon» gazetasi tajribasi haqida ko’rsatuv tayyorladik. Jurnalistlar orasida o’zining ming turli «qilmish-qidirmish»lari bilan mashhur bo’lgan Zoyir Mamajon gurungimiz orasida betoqat bo’laverdi. Nihoyat yorildi: «Men bugun Xo’jasoatga boraman, deb odamlarga va’da beruvdim. Qolaversa, qahramon buvayam sizlarni kutyapti. Gullagan ketmonini ko’rsatmoqchi...»
Xo’jasoat —  Tog’ay akaning qishlog’i. Denov qayda-yu, Xo’jasoat qayoqda? Bu devona jurnalist nima deb yotibdi, deb o’yladim. Oxiri o’zi gap ochib qoldi: «Tog’ay men bilan to’n kiyishmagan bo’lsa-da, eng qadrdon va dildosh jo’ram. U o’qigan maktab haqida «Chag’oniyon»ga bir maqola yozmoqchiydim. Shuniyam beliga tepdilaring. Mayli endi, keyin boraman. Ketdikmi Sobir Rahimovga!» — deya denovlik O’zbekiston Qahramoni Ibrohim Fayzullaev dalasiga chorladi.
Katta bir tepalik yonidan o’tayotganimizda Zoyir aka shofyorning yelkasiga qarsillatib urib, «To’xta, to’xta, oshna, manavi, qishloqda tug’ilib, qishloqni unutganlarga bir Tog’ay Murodning dalalarini ko’rsatayin», dedi.
— Qani, tepaga chiqib, Denovni bir tomosha qilinglar. Huv narigi tarafdan Xo’jasoat ham ko’rinadi. Tog’ay bilan bu yerlarni qancha aylanganmiz. Lekin hech sezdirmagan shunday zo’r roman yozayotganini. Gap-gap bilan bo’lib har-har zamonda «Nima yozyapsiz, jo’ra?» — deb so’rasam, «O’qiysan hali, Surxonu Qashqaning, Farg’onayu Xorazmning yelkasidan ketmon tushmagan, peshonasi bir umr sho’r bo’lib kelgan — Dehqoni haqida yozyapman», deb qo’yardi.
Xullas, o’sha kuni Ibrohim akaning dalasiga sal kechikib bordik. U kishiyam Zoyir akani ko’rib «So’kkanim bilan foydasi yo’q,  tarki odat —  amri mahol, muhimi,    kelibsizlar-ku», deya bizlarni paykalga chorladi.   
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:47:52
Gap orasida yana Tog’ay Murod haqida so’z ochildi. Ibrohim aka jo’shib ketdi: «Qoyilman Tog’ayga. «Otamdan qolgan dalalar»ini o’qib, menday diydasi qattiq odam ham to’yib yig’ladim. Nega denglar-da? Axir shunday kunlar hammamizning boshimizdan o’tmaganmidi? Chunki his qilish kerak ekan. To’g’ri, boshqalaram dehqonning og’ir hayoti va mehnati haqida yozgan. Nimasidandir ko’nglim to’lmagan-da. Tog’ayning kitobini o’qib, suyundim, bor ekan-ku mardi, deb yuribman haliyam. Bir narsani aytay sizga, men yetmishdan oshdim, butun umrim dalada kechdi. Ota-buvam  ham kengliklarda yashab o’tgan. Lekin Tog’ay Murod meni, sizni, butun o’zbek xalqini dardini, armonini doston qipti, qo’shiq  qipti, otasiga rahmat. Lof emas, hammasi chin. Meni hayron qoldirgan narsa, u qaerdan shuncha gapni, voqealarni topgan ekan-a?» 
Zoyir aka bo’lsa, qahramonning gaplarini eshitib, egat oralab ketib qoldi. Yonimizga qaytib kelgach, so’radim: «Nima, o’zlariga tegib ketdimi Ibrohim akaning gaplari, oxirigacha eshitmadingiz, axir sizam katta yozuvchi edingiz-ku», degandim, doim har qanday gapni hazilga buradigan cho’rtkesar Zoyir Mamajon bu gal bosiqlik bilan so’zlay ketdi: «Menam Tog’ayni romanini bir kechada o’qib chiqdim. Bir kechada... kerak bo’lsa yuz yillik, ikki yuz yillik xalqimizning asriy armonlari ko’z oldimdan o’tdi. Bilaman, bu romanni yozish Tog’ay uchun oson kechmagan. Necha o’n yillardan beri tayyorgarlik ko’rgan ekan u. O’zbek xalqiga haykal qo’yaman, desa, kulardim. Bir haykal bo’lsa shunchalik bo’lar-da... Shu romanni o’qigach, necha kunlab o’zimga kelolmadim. Qaerga bormayin, qaysi paykalga kirmayin, kim bilan gaplashmayin, Tog’ayning o’sha so’zlari qulog’im ostida jaranglab turaveradi...
Afsus, uch yil o’tib... Tog’ay Murodning ma’rakasida Zoyir Mamajon og’ir armon bilan shunday deb qoldi:  «Tog’ayning kitobini endi o’qiy desam, yuragim betlamayapti. Nega desa¬ngiz, uning yozganlari hammasi haqiqat ekan va endi har egatda, har paykalda, kerak bo’lsa, har bir qishloqda Tog’ayning izini ko’rganday bo’laveraman. Kimdir aytibdi, undan biror zurriyot, yodgor qolmadi-ya, attang, deb. Endi bilsak, Tog’ay Muroddan qolgan yodgorlikni hech narsa bilan o’lchab bo’lmas ekan». 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:48:58
So’nggi qo’ng’iroq


Tog’ay Murod bilan o’n yil orasida ko’p bora so’zlashdik. Gohi juda band yoki kayfiyati bo’lmasa, gapni qisqaroq qilib: «Yana telefon qilarsan», deb qo’yardi. Avvaliga bu muomalasi menga sal erish ham tuyulardi. Keyin ko’nikib ketdim va aksincha, endi o’zimning ruhim tushsa yo ayrimlarning tilyog’lamaliklariyu mayda gap-so’zlardan bezib, dilgir bo’lib qolsam,  hech ikkilanmay Tog’ay akaga qo’ng’iroq  qilardim. U kishi bo’lsa mening gaplarimni bo’lmay eshitardi.
Tog’ay Murod bilan so’nggi marta, o’limidan bir haftacha avval gaplashdik. Uyida yolg’iz o’zi ekan. Menimcha, zerikibroq turganmi yo kayfiyati chog’midi, bilmadim, yarim soatcha so’zlashib o’tirdi. Men esa xijolat bo’lib gap orasida: «Aka, uzr endi, vaqtingizni oldim», desam ham negadir hech xayrlashgisi kelmadi. O’sha kuni men ham nimadandir qattiq siqilib, Tog’ay akaga dardlarimni aytib berdim. Shunda u kishi: «Esingdami, bundan sakkiz yilcha avval senga bir gapni aytuvdim. Yana takrorlayman, u qulog’inggayam, bu qulog’inggayam quyib ol. Hali  eslab yurasan, akam bekorga bu gaplarni aytmagan ekan  deb. Men bilan ham, sen bilan ham «oshnam, do’stim, og’am», deb o’pishib, quchoqlashib ko’rishadilar va sal nariga borib, izimizdan ming xil fisq-fasod, ig’vo tarqatadilar. Parvo qilma, undaylar bilan o’chakishib o’tirma, qo’yaver. O’zing¬ga ishon. Yana bir gapni aytayin, odam ahyon-ahyonda  bo’lsayam O’ZI bilan O’ZI gaplashib, dardlashib turishi shart ekan. Qachonki mayda-chuyda gap-so’zlarga o’ralashib qolsang, o’zing ham mayda odamga aylanasan. Bir she’ringda «Olti yil yashadim yolg’izlik bilan», deb yozibsan-ku. Biz hammamiz qismatning odamlarimiz. Nimadir yozaman, yarataman, deb qishloqdan kechib kelganmiz. Uyoqda senu menga ko’z tikib o’tirgan qancha qora ko’zlar bor. Shularning yuzini yerga qaratmaylik», deb uzoq nasihat qildi...
Baribir hayron bo’ldim. Nega har doim kam gapiradigan, ustiga-ustak, salom-alik tugar-tugamas: «Nima gap, o’zi biror narsa yozayapsanmi, uylar tinchmi?» — deb gapni qisqa qiladigan Tog’ay aka bunchalik ochilib qoldi deya ajablandim ham. Kim biladi, balki o’sha kuni rahmatlik meni o’ziga yaqin olib, ko’nglidagi bor hasratu hayajonlarini to’kkandir...
Men esa bir haftadan so’ng... Tog’ay akaning to’satdan vafot etganini eshitib qotib qoldim. Eng alamlisi, tirikligida ko’rolmagan suyukli adibni, o’zimning og’amday bo’lib qolgan qadrdon jigarimni qazo  qilganida ko’roldim, xolos...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:50:14
Kuzatish

O’shanda may oyining adog’i edi. Erta tongdayoq Tog’ay aka yashaydigan uy yoni odamlarga to’lib ketdi. Mahalla oqsoqoli marhumning yaqinlarini shoshiltirardi: «Tez bo’linglar, kun yorishib kelyapti, Chig’atoydayam kutishyapti bizlarni». Sirojiddin Sayyidning mungli ovozini eshitdim: «Yolg’izgina singlisi kecha kechqurun yo’lga chiqqan ekan. Birpasgina kutaylik...» Kattayu kichik avval bir-biriga, keyin esa soatga qaraydi. Nihoyat...
Tog’ay Murod o’z uyi ostonasidan qo’lma-qo’l bo’lib ketdi. O’nlab mashinalaru avtobuslar liq to’ldi. Men Mirzo aka bilan tobut yonida ketdim. So’zsiz, og’ir nigohlarim bilan karvonni kuzataman. Tanigan-tanimagan, bilgan-bilmagan odamlar bir-birlariga yaqin, og’a-inidek bo’lib qolgan edilar. Qayda, buyog’i o’zbekchilik, baribir jim ketolmaysan, orqavarotdan bo’lsa-da, shivir-shivirlar eshitiladi: «Nima bo’pti o’zi, kasalmidi yo? Zo’r yozuvchi edi-da, attang... shuncha odam to’yga chaqirsang kelmaydi-ya!»
Chig’atoy qabristoniga yetib kelganimizda buyoqdayam ta’ziyaga kelganlarning adog’i ko’rinmadi. Avval janoza o’qish uchun machitga yo’l oldik. Hamma tobut ortidan yuguradi. Saksonni qoralab qolgan otaxon ham, endi oliy dargoh ostonasidan hatlagan talaba ham bab-baravar talashib-tortishib yelka tutadi. Janoza o’qildi. Tumonat odam jo’r bo’lib, «Rahmatlik yaxshi inson edi», deya ovoz beradi.
Ne-ne ulug’ zotlar mangu panoh topgan manzil yo’lagidan yana bir aziz farzandini so’nggi yo’lga kuzatayotgan zamondoshlarning hammasi jimgina qadam tashlaydi. «Tog’ayjon, bizdan rozi bo’l, inim, tirikligingda bir og’iz rahmatimni aytolmadim-a». Tanish ovoz. Qayrilib qarayman. Uncha-muncha adibu shoirlarni tan olmaydigan munaqqid...
O’sha kuni Chig’atoyga Tog’ay Murodni hayotlik paytida yaxshi ko’rganlar ham, hatto yomon ko’rganlar ham so’nggi manzilga kuzatish uchun keldi. Oxiri... qabriga  tuproq tashlanayotganda kimdir: «Avval yaqinlari tashlasin», degandi, birdaniga yuzlab qo’llar belkuraklarga yopishdi...
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:50:57
SAID   MUROD

«BOSHIMNI ZO’R ISHGA BERIB QO’YIBMEN»

Tog’ay Murod aka  «Otamdan qolgan dalalar» romani so’ngida bergan «Men» nomli tarjimai holida «Fan va turmush» jurnalida ikki yil muharrir bo’lib ishladim», deb yozadi. Dar¬haqiqat, u taniqli yosh yozuvchi sifatida nomi chiqa boshlagan kezlari ilmiy-ommabop jurnalda ishladi. Bu ish, albatta, vaqtinchalik edi. Uning o’zi: «O’ttiz-o’ttiz besh yoshlargacha uylanmayman, oila qurmayman, biror idorada faqat tirikchilik uchun ishlayman», deb yozgandi.
U  kishi  bilan  birinchi ko’rishimiz  shunday  bo’lgan.
Bekobodga yetmasdan juma molbozori bor, katta kolxozning oziq-ovqat do’koni yaqinida jurnalimiz rahbari Komil aka menga tanishtirdi:   
— Bu — Tog’ay Murod akangiz, Mengnorov. Bizga yangi ishga olindi. Hartugul, avtobusga ulgurdi Toshkentda... 
1983 yilning oktyabr oyi boshlari. «Hamma paxtaga!» —  bosh shior. Hozirgina turnaqator avtobuslar kolonnasida Toshkentdan chamasi 90 kilometrlar uzoqlikdagi bu joyda qo’nim topib, qaerga kelib  qolganimizni bilish uchun har kim atrofni «razvedka» qilib yuribdi. Tog’ay Murod aka ham qo’shni avtobusdagi hamkasblar bilan birga do’kon tomon kelayotgan ekan. Yaqin-atrofdagi ko’zga ko’rinarli balandroq bino shu bo’lib chiqdi. Uni idora bo’lsa kerak, deb o’ylaganlar  ham yo’q emas edi. Do’konga kiraverishda nuroniy onaxon yirik-yirik, yapaloq qovoq somsalarga to’la tog’ora oldida cho’k tushib o’tirardi. Shu payt Tog’ay Murod akaning ko’zlari porlab ketdi:
— Ie, xuddi onamga o’xshab ketarkan...
Tog’ay Murod aka birpasda haligi onaxon bilan bir nimalarni gaplashib ketishdi. Xuddi ona bilan boladek. Biz, hamkasblar bu qishloq do’konini bir aylanib chiqib ketayotganimizda ham ular miriqib gaplashib turishardi. «Onasiga kuchli mehr qo’ygan odam yomon odam bo’lmaydi», degan fikr xayolimdan o’tdi. Shu hayotiy epizod tufayli Tog’ay Murod aka bilan ilk uchrashuvimiz yodimda muhrlanib qoldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:51:26
* * *

Tog’ay Murod aka «Fan va turmush»da ishlagan kezlari jurnal tahririyatida chinakam ijodiy muhit mavjud edi. Asosiy jurnalistlik kasbidan tashqari, ko’plab adabiy janrlarda ijod qilinardi, adabiy munozaralar bo’lib turardi. Masalan, hozirda mashhur adib Xurshid Do’stmuhammad bir qator o’ychan, falsafiy hikoyalari, Rustam Obid hayratlanarli fantastikasi bilan tanilib qolishgandi. (Mening ham ilk modernistik she’rlarim Xurshid akaning qistovi bilan shu yili ikki adabiy nashrda e’lon qilingandi.) Hatto bir umr jurnalist bo’lib ishlab kelgan keksa xodimimiz Ilhom aka Oripov ham «O’tkan kunlar»dan ruhlanib, muhabbat haqida qissa yozgan edi. Tengdosh do’stim Mirzaahmad Olim esa  shoh va shoir Bobur Mirzo haqidagi go’zal esselarini tinmasdan e’lon qilardi. Bizga ancha yaqinda joylashgan radioqo’mitaga tushlikka borib, u yerda ishlaydigan Tohir Malik, Erkin Usmon, Olim Otaxon singari adiblar bilan o’zbek adabiyoti, yangi asarlar, jahon adabiyotining mumtoz adiblari ijodi haqida suhbatlashar edik. Tahririyatimizga ko’pgina adiblar, adabiyotshunos olimlar kelib, bahs-munozaralar rosa  avj olardi. O’ylaymanki, Tog’ay  Murod aka o’z asarlari uchun bu ijodiy muhitdan kam narsa olmagan edi. Komil aka Xolmuhamedov ham rahbar sifatida undan yordamini ayamas, qo’llab-quvvatlardi.
U paytlar bir  qator xorijiy adiblar asarlari sho’ro mafkurasiga to’g’ri kelmaydi deb kam nashr etilar, ularni ham kutubxonadan topish qiyin edi. Jahon adabiyotining eng mashhur va o’sha davrda man etilgan asarlarini qo’lma-qo’l olib o’qirdik. Masalan, Frants Kafkaning «Jarayon» romanini, modernizm adabiyotining boshqa namoyandalari asarlarini. «Jahon adabiyoti» seriyasi 200 jildligiga kirgan ayrim kitoblar menda bor edi. Tog’ay Murod akaning qissalarini o’qiganimdan keyin xalq sagalari usulida asarlar yozgan island yozuvchisi esimga tushib qoldi. Men u kishiga Nobel mukofoti laureati Xaldor Laksnessning «Mustaqil odamlar», «Island  qo’ng’irog’i» asarlari kiritilgan jildini o’qishga berdim. Tog’ay Murod aka uni bir necha hafta qo’ldan qo’ymay ko’tarib yurdi.
— Buni qarang, yozuvchi romanining bobini «She’riyat» deb atabdi, uslubi ham shoirona ruhda. Qanchalik go’zal! —  deya zav¬qi kelib so’zlab qoldi u bir kuni. —  Ham tili ravon, milliy, lekin yozuvchining o’ziyam rosa ter to’kkan. Xalqnikini o’ziga qaytarish oson emas. Xalqning kuchidek kuchingiz bo’lishi kerak. Bunaqa kuch esa bo’lmaydi. Faqat xalq merosidan foydalanib, o’z asaringizni yozishingiz mumkin, xolos. Qoyil, maza qilib o’qidim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:51:50
* * *

Tog’ay Murod aka nosir bo’lsa-da, she’riy zavqi juda baland edi. Lekin uni shaydo qilish oson emasdi. O’zaro adabiy suhbatlardan birida yangi she’rimni o’qib, qanday baho berishini so’radim. Adib bir daqiqa o’ylanib qoldi-da, keyin dabdurustdan she’r o’qib ketdi. Cho’lponni uslubidan fahmladim.  «O’zbek tili va adabiyoti» jurnalining 1967 yilgi sonlari to’plamida Cho’lponning bir turkum she’rlariga ko’zim tushgan edi. Xazina topib olgandek, hammasini ko’chirib olgandim. Shundan tanidim, lekin bunaqa zo’r she’rni sira eshitmagandim. Tog’ay Murod aka, ayniqsa, she’r oxirini o’zining so’zlash manerasi, o’ziga xos tovush intonatsiyasiga mos tarzda, biroq  endi  sal  balandroq  o’qidi:

... Men yo’qsil na bo’lib uni suyibmen,
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zo’r ishga berib qo’yibmen,
Men suyib... men suyib kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go’zal,
Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal.

Hayratdan qotib qoldim. O’zbek tilida bunchalik ajoyib, kam-ko’stsiz, o’ta samimiy, o’ta ehtirosli va haqqoniy holat tasvirlangan, komil she’r borligini va uni hozirgina eshitganimni aqlimga sig’dirolmasdim. Orada abadiyatchalik vaqt o’tgandek tuyuldi, o’zimning she’rimni unutib, Tog’ay akaga meni ko’pdan beri o’ylantirib kelayotgan savolni berdim:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:52:02
— Hozir Cho’lpon uslubidagi singari «toza tilli» she’riyatni yana  rivojlantirib bo’larmikan?
— Bilmadim, buning uchun Cho’lpon tirilib kelishi lozimdir balki. Ehtimol, yangi Cho’lponlar tug’ilar... Abdulla aka bilan Rauf akaning borligiga  ham  shukr.
Tog’ay Murod aka Abdulla Oripovni  Lermontovga qiyoslarkan, ulug’ rus shoirining «Payg’ambar» she’rini yoddan o’qib berib, meni shoirona donoligi bilan yana bir bor hayratga soldi. «Faqat Lermontovning umriga o’xshamasin», deb qo’shib qo’ydi. U, Rauf Parfi (uni «aqlli» derdi) Bayron kabi «Yevropaning birinchi erkin shoiri» darajasidagi shoirlar safidan joy olishga munosib ijodkor ekanligini tan olish kerak, degan fikrni aytdi. Bu fikrga, ehtimol, shoirning o’sha kezlari Bayrondan qilgan tarjimalari, xususan, «Manfred»i sabab bo’lgandir. Nima bo’lganda ham, adibning she’riyatni nozik tushunishi, qadrlashi menga  yoqdi.
— Haqiqiy adabiyot aslida roman yoki dramalar emas, balki she’riyatdir, —  degandi u o’z suhbatlaridan birida.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:52:25
* * *

1983 yilda Tog’ay Murod akaning yangi qissasi muhokamasida tasodifan qatnashib qoldim. Boshida men adibni kutib turadigan bo’lgandim, keyin u foydali bo’ladi, asar yozishdan ham ko’ra ruxsat olish  — «sovetdan o’tkazish» qiyinligini o’z ko’¬zi¬n¬¬¬¬giz bilan ko’rasiz, dedi va barvaqtroq muhokama xonasiga olib kirib o’tqazib qo’ydi. Xona Yozuvchilar uyushmasining nasr kengashi a’zolari bo’lgan yozuvchilar, adabiy tanqidchi va adabiyotshunoslar bilan to’ldi, muhokamani ustoz adib Odil Yoqubov olib bordi. Gapirganlar va aytilgan fikrlar hozir aniq esimda yo’q, lekin Tog’ay Murod akaning yuzidan muhokama asar foydasiga hal bo’lmayotganligini sezish mumkin edi. Chamasi, muhokamaning o’rtalari edi, shu payt eshik ochilib, Ozod Sharafiddinov kirib keldi, chekkadagi stulga  o’tirib, oldiga qo’yilgan qog’ozga so’zlayotganlar fikrini besh-olti qator yozgan bo’ldi, so’ngra undan voronka —  qog’oz kuldon yasadi, sigareta tutatib, xotirjam tinglay boshladi. Hamma asar haqidagi o’z fikrini aytib bo’lgach, oxirida Ozod aka so’z oldi, qissaning barcha ijobiy tomonlarini sanab o’tdi va ulardan kelib chiqqan holda qo’lyozmani albatta nashr etish lozim, deb shunday qat’iyat bilan gapirdiki,  qarshi so’zlaganlar go’yo yo’qdek edi. Uning xulosasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Men Ozod akaning yosh iste’dodlarni maqolalari bilan himoya qilishi, qo’llab-quvvatlashini bilar edim, biroq uning amalda, odam aynan shunday yordamga muhtoj, haqiqatga tashna bo’lib turganda otilib chiqib himoya qilishi, dadil, qat’iy harakatlari meni juda qoyil qoldirdi. Tog’ay Murod aka muhokamaning boshidan oxirigacha juda jiddiy, mag’rur o’tirgan bo’lsa  ham, nazarimda, eng so’nggi dam «portlab» ketmaslik uchun o’zini zo’rg’a ushlab turgandek tuyuldi...

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:52:49
* * *


Tog’ay Murod aka «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Otamdan qolgan dalalar» kabi o’ziga xos shakl va mazmunga ega asarlari bilan kitobxon qalbida chuqur iz qoldirdi. Mashhur adibimiz o’sha yillarda Shukur Xolmirzaev, Xayriddin Sultonov, Erkin A’zamov  kabi nosirlar bilan bir qatorda qishloqdagi oddiy o’zbekning hayoti, his-tuyg’ulari, istak-mayllari, orzu-umidlarini haqqoniy tasvirlab, bugungi til bilan aytganda, qishloqdagi muammolarni hal etmasdan turib, umumdavlat, umummilliy masalalarning yechimini topish mumkin emasligini chuqur his qildi. Shu bois ham qishloq mavzusi adabiyotga o’ziga xos ovozga ega adiblarni, yangi va original asarlar shodasini berdi. Tog’ay Murod aka esa ular orasida o’zining go’zal asarlari bilan yorug’ yulduz kabi porlab turibdi.

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:53:40
VAFO FAYZULLOH 


ABADIYAT

Odam nega dunyoga keladi? Odam nega dunyodan ketadi? Uning turg’un manzili qaer?
Birov haqida o’ylashning o’zi dahshat, ko’ngilni og’ritadi, yuzini ko’rish musibat. Haqqa ko’rsatma, deb tavallo qilasan. Boshqa bir kishi esa beixtiyor xayolingga kirib  kelaveradi. O’z-o’zingdan u haqida gapirib yuborasan. Tuyqus eslab qolasan. Hozir nima qilayotgan ekan, deb o’ylab o’yingga yetolmaysan... Sen havo olayotgan borliqdan uning ham nafas olayotgani mo’’jizaday  tuyuladi. Unga  yurak sirlaringni aytging, orzularingni o’rtoqlashging keladi. Hech bir beta’ma unga hurmating oshadi, mehru muhabbating kuchayadi... Holbuki, beayb Parvardigor, hammamiz ham xom sut emgan banda... Baribir, inson bilan insonning yashashi, e’tiqodi, a’moli yer bilan osmon qadar farq qilar, farq qilaverar ekan...
O’tgan asrning saksoninchi yillari boshi. Tolibman. Endigina ko’z ochgan «Yoshlik» jurnalini qoldirmay o’qib boraman. Tengqurlar bilan unda chiqqan har bir yangi asar haqida darsda, yotoq va ijaraxonada talashib-tortishib, o’zimizcha bahosini bergan bo’lamiz. Uncha-muncha asar ko’nglimiz ko’chasiga kirolmaydi. Mabodo birortasi ma’qul kelsa, u qatorida asar muallifi shaxsi haqida ham bilishga qiziqamiz.
Shunday kunlarning birida «Yoshlik»ning yangi sonida   chiqqan bir asarni o’qidim. Bir o’tirishda. «Ot kishnagan oqshom». Bir ko’nglim yorishdi. So’ng muallifi kimligiga qaradim. Tog’ay Murod. Asar yangi, muallifi yangi... lekin mening xotiramda darrov «Alpomish» jonlandi, «Go’ro’g’li» tushdi. Xayolimga zumda «Kuntug’mish», «Ravshan» keldi...  Rost, Ziyodulla kal, Ziyodulla chavandoz Alpomish ham, Go’ro’g’li ham emasdi. Ular oldida nimjon va to’pori, jimjiloqchalariday ham kelmasdi. Baribir ular qabatida turganday, buyam otini yeldirib kelib, men ham shu yovqur ajdodning kenja vakiliman, deganday bo’ldi... Chin, Alpomish juda ham sevimli, u allaqachon millat timsoliga aylangan edi, biroq «Ot kishnagan oqshom» menga yaqin, Ziyodulla chavandoz zamonimga yaqin, qishlog’imga o’zi va oti mendan ham yaqin edi... U otamga, oti otamning otiga judayam o’xshardi. Qishlog’imni, ota-onamni sog’inganimni his qildim.
Ulardan ham ko’proq otamning otini uchirganlarimni orziqib esladim... Hozir ham «chu», deya uchirgim keldi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:53:58
Shundan bu asar, uning muallifi ko’nglimga o’rnashib qoldi. Havoyi va o’jar nazarimga tushdi. Ko’p o’tmay «Sharq yulduzi» jurnalida «Oydinda yurgan odamlar» qissasi chiqdi. Hissiyotlari toza bu qissani yig’im bo’g’zimga tiqilib, yutoqib, sevib o’qidim. Shu asar bois «oydin» degan so’zni yaxshi ko’rib qoldim. Oydindagi mamlakat ko’nglim ko’ziga ko’rindi. Bu mamlakatning odamlari menga tanishday edi. Lekin boshqa bir ma’voda, boshqa bir muhitda istiqomat qilardilar. Jazirama quyosh ham, qop-qorong’u zulmat ham Oydinda yurganlarga doriyolmasdi. Qoplon va Oymomoga hurmatim, hayratim bo’lakcha bo’ldi. Sho’ro kotibi, Qimmat momo, hisobchiga nafratim bo’lakcha bo’ldi. O’sha yillarda yozilib, yo’qolib ketgan bir mashqimning xotirada qolgan ikki satri tilimda aylanadi:

Ahay-ahay, ko’zlaringdan ko’zim o’rgulsin,
O’n yettiga, o’n yettiga kirmagan yorim...

O’shanda do’stu ustozlarimning kulgisiga qolgan bu ikki satr «Oydinda yurgan odamlar»ning ajib ta’sirida ko’nglimdan mavjlanib chiqqan. Unda buni bilmagan, sezmagan, o’zim bilan o’zim ovora bo’lsam bordir, lekin endi «ahay-ahay» so’zidanoq bu xayoliy va toza hayqiriqni «Oydinda yurgan odamlar» qalbidan olganim va o’sha g’o’r va to’pori, musaffo kunlarimda ilk ochilgan chechakday ushlaganimga iqrorman...
Shundan boshlab men Tog’ay Murod Mengnor bobo naslining asarlariga befarq qarayolmadim. Adabiyot haqqi, she’riyat haqqi, bu asarlarning jonli so’zi, ma’nodor iboralari meni o’ziga asir etdi. Bu so’zlarni xayolimda belgiladim, bu iboralarni ko’nglim ila qaytardim. Bu maqol va naqllarni o’z izohli lug’atimda yozib-yozib qo’ydim.  Lekin baribir  bir yo’qolgan jigarimning daragini eshitganday ularga to’ymadim. Topib yo’qotib qo’yadiganday o’zimni nochor, g’arib sezdim, aftoda his qildim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:54:12
Bir inson, bir millat vakili sifatida bu asarlarda ko’tarilgan masala, muammo, g’oyalar jon joyimdan ushladi. Bu kishilar, bu tuyg’ular, bu kechmishlarni boshqalar bilan solishtirishga, shu bilan o’zbekning bo’yini o’lchashga urindim. Tog’ay Murod shaxsiga, adibning qanday ijod qilishiga qiziqishim ham shu qadar kuchli edi. Qizig’i, hassos ijodi kabi Tog’ay akaning fe’l-atvori ayricha, betakror ko’rinardi.  XX asrning so’nggi choragi nodir asarlarning yaralishiga qaraganda, adabiy bahs-munozara, baqiriq-chaqiriqlarga boy bo’ldi. Dahriy, yana mustamlaka bir jamiyatda yozarlarning aksariyati, yupanchi va suyanchi, hatto e’tiqodi deb adabiyotni bilar, «ishonch qal’a»Â¬si timsolida Yozuvchilar uyushmasiga boraverar, hech narsa qilmaganida ham shu yerda ko’nglidagini aytib-aytib, adabiy daholigini, kuyunchakligini namoyish qilardi. Lekin men biror marta ham bu davralarga Tog’ay Murodning qo’shilganini ko’rmaganman. U allaqachon adabiyotni har qanaqa uyushgan davralar emas, yolg’iz odam, iqtidorli va dardli inson ko’ngil qoni bilan yaratishini anglagan edi chog’i. Biroq men tengi ko’pchilik havaskorlar, adabiyotning jaydari ixlosmandlari ancha-muncha iste’dodli shoir-yozuvchilar qatorida go’zal asarlar muallifi Tog’ay Murodning ham suhbatini eshitishni, adabiyot, adabiy hayot haqida yurakdagi gaplarini, samimiy dil izhorlarini tinglashni juda ham orzu qilardim. Lekin bunga qatora yigirma yil davomida biror marta ham muvaffaq bo’lolmadim. O’ziga esa uzoqdan bir marta to’satdan ko’zim tushgan. U uyushma kunbotaridagi yozlik  choyxonada  bir tanishi bilan choylashib o’tirardi. Choyxona allaqachon buzilib, u yerlar tekislanib ketdi, har qalay teraklar bor, balki teraklar uni bu yerda ko’rganini eslar balkim, lekin bir ustuvor ishonchim borki, inson bo’lsa, insoniyat yashaversa, o’zbek bo’lsa, O’zbekiston barq uraversa, ko’ngil bo’lsa, ko’ngil hurligicha qolsa,  inson adabiyotga intilib, o’ziga do’sti habib izlar ekan, Tog’ay Murod asarlariga do’st topiladi. Uning mardona va ochiq ko’ngli bilan uchrashilaveradi, inshoolloh.
 Men Tog’ay Murod qazosini olislarda eshitdim. Uning qadami yetgan, so’zi yetgan, adabiyotga mehri eltgan joylarda eshitib, ko’nglim ezildi, bitta armonim ko’paydi. Taomlarimizdan boshqa hech narsamizga qiziqmay qo’ygan dunyo Tog’ay Murod asarlarini o’qisa, uning ko’nglida reja bo’lib qolgan ma’sum olamlari bilan tanishsa edi... qirg’iz kabi o’zbekning ham cho’ng muhabbati ila behuzur ko’nglida yo’qotgan umidni topganday bir lahza bo’lsa-da, hayotga ishonchi ortadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:54:53
* * *

Tog’ay Murod ellik besh yil umr ko’ribdi. «Men Xo’jasoatda dunyoni ko’rdim», deb yozadi oqin adib. Toshkentda bu bevafo dunyodan ... yuz o’girdi. Chig’atoyda yotibdi, uning mardona qalbi, chinakam hayoti Surxonda, Xo’jasoat qirlarida yotmoqqa haqdor ko’z ochgan edi. U E. Seton-Tompsonning «Odamzot uchun yerning farqi nima? O’lsam, meni o’sha qirlarimga ko’ming», degan so’zlarini keltirib, «Vasiyat bajo keltirildi», deb yozgan. Har bir jahonshumul adibning muxlisi u ko’z ochgan tuproqni tamoman boshqacha tasavvur etadi.  Bu tuproqni ziyorat qilmoq istaydi.
Mixail Sholoxovning shunday romantik o’quvchilaridan biri  Donga kelib, tap-taqir dashtni ko’rib, g’alati ahvolga tushgan ekan. Ammo Sholoxov asarlarini o’qigan kitobxon go’zal va serunum Don dalalari bilan qayta-qayta uchrashib, hayratlanarli manzaralarni bir umr unutolmaydi.
Adib qalbi va u tug’ilgan tuproq o’rtasi tilsimli bir bog’liqlik, ijodiy baraka, faqat adibning yurak ko’zi ko’ra oladigan qadrdon go’zallik yastanib yotgan bo’ladi. Buning kashfi faqat chinakam yozuvchilar bitigida ko’z ochadi. Tog’ay Murod ham ana shunaqa o’z tuprog’ini sevgan, sevdira olgan alomat yozuvchi edi.
Uning asarlari ko’z ochgan sanalarga qarayman: ilk hikoyasi «Bobosi bilan nabirasi» 1966 yili yozilgan. Demak, ayni o’n sakkiz bahorga to’g’ri kelar ekan. So’nggi asari — «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romaniga 1998 yil — naqd ellik yoshning ustida nuqta quyilgan. Hisoblansa, o’ttiz ikki yillik hayrat va muhabbat, ilhom va mehnatning huzuri bizga qoldi, zavqi va dardi o’zbekning, insoniyatning mulki bo’ldi... Men Tog’ay Murod xonadonida bo’lmaganman, nashr etilmay yotgan yoxud boshlab qo’ygan asarlaridan xabarsizman. Lekin bo’lishi kerak. Ko’nglidagisini esa ehe-e... hisoblab bo’ladimi? Betizgin bir harislik bilan asarlari, ular yaratilgan yillar ro’yxati ko’z oldimdan o’tadi. To’rtta hikoya. To’rttagina-ya... «Bobosi bilan nabirasi», «Kuzning bir kunida», «Ku-ku-ku», «Er-xotin», (150 dan ortiq hikoyalar yozgan Jek London bor-yo’g’i 40 yoshga kirib-kirmagan.)
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:55:06
Tog’ay Murod olami hikoyalarga sig’madi. Baxshi bobolarning qoni tortdi — u dostonlarda ochildi, xususan, dostonmonand qissalarida o’zini to’kdi.
1976 yili «Yulduzlar mangu yonadi»;
1979 yili «Ot kishnagan oqshom»;
1980 yili «Oydinda yurgan odamlar»;
1985 yili «Momo-Yer qo’shig’i» qissasi tug’ilib, bu janr imkoniyatlarini kengaytirdi.
Katta adabiyotning eng baland cho’qqisi roman, epos, epopeya... Ne bir hikoya ustalari uning ufqlarini tasavvur qilolmaydi, ne bir qissanavislar, 500 betdan ko’proq qog’oz qoralaydi-yu, baribir roman havosi, roman fikri, roman qamrovi va roman yuki... asarlarida anqoning urug’i bo’ladi. Romanga qo’l urib, bosh aylanib qolish, chalajon asar qoralab, ijodiy mag’lubiyatga uchrash ham go’yo iste’dod darajasini belgilaydi... Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romanini  1986-1991 yillarda, o’ttiz sakkiz yoshida boshlab, qirq uchida bitirdi. Ke¬yingi romani ham to’rt yilda tug’ildi. 1994-98 yillar. «Bu dunyo¬da o’lib bo’lmaydi». XX asr birinchi yarmida romanlarga juda erta qo’l urilgan (Sholoxov yigirma-yigirma besh yoshida, Qodiriy «O’tkan kunlar»ni o’ttiz yoshi tevaragida). Kamolotning kechikishimi, XX asrning ikkinchi yarmida  bu cho’qqiga chiqish yoshi ancha  ulg’aydi. Gabriel Garsia Markes «Yuz yil tanholikda» romaniga qirq yoshdan hatlabgina olti oyda adog’iga yetkazdi. Yana bir Nobel mukofoti sohibi italyan adibi Umberto Eko esa yana o’n yilga kechikib, ellik yoshga yetibgina ilk romanini yozdi. Chingiz Aytmatov o’zining eng baquvvat asari, to’ng’ich romanini esa ellik bir yoshini to’ldirib boshladi va to’rt oyda — 1979 yil dekabri va 1980 yil mart oralig’ida dolg’ali ilhom bilan yozdi-qo’ydi... Xuddi shu ruhiy jarayonni qirq-ellik yoshlar orasida Tog’ay Murod ham boshidan kechirgan edi. 
Tog’ay Murodning yana to’rt-beshtagina o’tli va faqat o’ziga xos maqolalarini ham eslamasdan bo’lmaydi. «Gazetaga intervyu», «E.Seton-Tompson kitobiga so’zboshim», «Yosh qalamkashlarga tilaklarim», «Yozuvchilar uyushmasining oltmish yilligiga to’yxat», «Men».
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:55:26
O’limigacha o’zi e’lon qilgan asarlari hajmi... 918 bet. Kichik muqoyasa — Lev Tolstoyning bitta «Anna Karenina» romani hajmidan 110 bet kam bo’lgan butun umrlik ijod. Yoxud yetti eng zo’r Sharq shoirining eng nimjonidan ham kuchsizman,  deb iqror bo’lgan, G’arbning birinchi yoki ikkinchi raqamli shoiri Iogann Volfgang Gyotening 133 jildlik asarlarining uch kitobi hajmicha asar qoldirgan... o’zbek adibi... Men bunda faqat hajmni nazarda tutmadim. Balki ma’nan mohiyati ko’lvor va cho’ng ijodkorlarning jahoniy ijodlariga Tog’ay Murod bitiklarini xayolan solishtirgim keldi.
Xayriyat, shu  o’zbaki ijodni bemalol jahonshumul adiblar asarlari bilan solishtirib, yutuq va kamchiliklarini ko’rsa bo’ladi. Sevintiradigani, bunaqa katta mehnat qilib, ijodni e’tiqod darajasiga ko’tarib qalam tebratgan adiblar dunyo bo’yicha ham unchalik ko’p emas. O’zbekda esa juda oz. 
 Chingiz Aytmatov asarlari yetti jildligi ruscha nashr so’zboshisida akademik Rustan Rahmonaliev Aytmatov mash¬hurligini Navoiyga solishtirib, deydiki: «Alisher Navoiydan keyin 500 yil o’tib, turkiy xalqlar orasidan faqat Chingiz Aytmatov ijodigina adabiyot Olimpiga ko’tarila oldi, jahonshumul shuhrat qozondi».
Qay ma’nodadir adolatli baho. Navoiy jahonshumulligi, Navoiyning butun turkiy xalqlar faxri ekanligi, ularning o’zi tomonidan e’tirof etilayotganligi bu ijodning o’lmasligi, qamrovdorligi isboti. Ammo Navoiyga ruhoniy a’mol, ilhomiy san’at, ma’rifiy xazina jihatidan Aytmatovning tenglashishi mumkin emas. Har qalay turkiy qalb, sharqona yurakli Aytmatovning jahon xalqlari qalblarini to’lqinlantirgani bizni-da sevintiradi. Ne tongki, Aytmatov ijodiga xos go’zal ko’ngil, samimiy mehr, insonsevarlik, jonivorparvarlik Tog’ay Murod ijodida ham yorqin ko’zga tashlanib, kishi qalbini zabt etadi, tuyg’ularini sel qiladi. Odamiylikdan saboq beradi. Mana, uning «Ot kishnagan oqshom» qissasi. Otga munosabat insonga qadrdon bir jihat. Ming yillardan buyon buyuk ko’chishu har xil zafarli-zafarsiz yurishlari, umuman, tirikchiligi otsiz o’tmagan turkiylar, o’zidan olislashib borayotgan do’sti-hamkorini o’ylaganda, otga mehribonlik bilan yondashib keladi. Shu jihatdan Tog’ay Murodning bu mavzuga murojaati tasodif ham emas, yangilik ham deb bo’lmaydi: o’ziga xosligi esa shu mavzudagi asarlar misolida ko’rinadi. Kanada adibi Ernest Seton-Tompsonning «Yovvoyi yo’rg’a» asari va qirg’iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning «Alvido, Gulsari» qissalarini dunyoning million-million kitobxonlari mutolaa qilishgan, taqdirlashgan.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:55:42
«Yovvoyi yo’rg’a»da otni to’laqonli jonivor sifatida bilib olamiz. E.Seton-Tompsonning olim aqli, adib qalbi ruhlantirib saboq beradi.
«Alvido, Gulsari»da Aytmatov juda ko’p insoniy iztiroblarini Gulsari misolida, Gulsariga munosabat shaklida o’rtaga tashlaydi. Otning o’limi bir do’stni yo’qotish yanglig’ insonning qilmishiga, jonivorlarga pastkash munosabatiga ko’zgu soladi. Sobiq xalqlar qamoqxonasi yupun yo’qsili kabi faol ot obrazida eng ijtimoiy, dolzarb muammolarni  hal qilib, qizillarga mos buyurtmani ado etganday. Ammo «Alvido, Gulsari»dagi qalb faryodi, tor qobiqlarni yorib, nihoyatda ichkin dardi bilan inson va jonivor o’rtasidagi mehr ko’prigini kashf qiladi. Noodil jamiyat taloto’pida qurbon bo’lgan jafokash tabiat latif dil bilan ochiq ko’rsatiladi. Bu motam ko’ngilga chandiq soladi. «Men uning ko’ziga ko’mdim o’zimni...» deb yozgandi «Chingiz Aytmatov» nomli she’rida hassos shoirimiz  Rauf Parfi. Bu satrda umrli fojia — o’layotgan otning ko’zi jisman tirik odamga qabr bo’lishi mumkinligi ko’rsata olingan.
«Alvido, Gulsari»dan o’n ikki yil o’tib yozilgan «Ot kishnagan oqshom»dagi ot esa yana bir «otlarda kuzatilmagan» fojianing ko’zini ochadi. Otning insonga achinishi. Otning insonga yordamga otilishi.
Biz nega Boychiborni ming yillardan buyon jigarimizni sevgandek sevib kelamiz? Axir u emasmi, Alpomishni qalmoqlar chohidan olib chiqqan? Axir u emasmi, tuyog’iga mixlar qoqilganiga qaramay to’qson alpning otidan o’zib, Barchinning nomusini asrab qolgan? Umrga,  umrlarga tatiydigan bu ikki yaxshilikni unutib bo’ladimi? Erk va nomus — hayot-mamot masalasi. Tirik yurib erksiz bo’lish — o’lgandan battar. Omon qolgan holda or-nomusning toptalishi yanada sharmandali o’lim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:55:54
Demak, Boychibor bitta Alpomishning emas, butun o’zbekning milliy birodari, birodarlikning ibratlisi ekan. Tog’ay Murod o’sha qadimiy birodarlikni Bo’ztarlon timsolida yana bittaga ko’paytirdi. Go’yo to’rt-besh ming yil keyin Tarlon Boychiborning avlodi bo’lib, Alpomishning avlodi Ziyodulla chavandozga ko’makka keladi. Insonni insondan, yaxshini yomondan himoya qiladi. Odam odamga begona, odam odamga loqayd, odam odamni talovchi, odam odamga o’lim sog’inganda asl odam hayotni va yana hayotni ravo ko’radi. Bu himmat Tolstoy, E.Seton-Tompson, Aytmatov asarlarida ham qay darajadadir aks etgan, ammo u Tog’ay Murod asarining shoh bayti, jon tomiri, aytmoqchi bo’lgan birinchi o’rindagi gapidir.
 Aytmatovning Gulsarisiga biz achinsak, Tanaboy kuyunsa, dunyodagi toza ko’ngilli, mehribon kishilar hamdard bo’lsa, Tog’ay Murodning Tarloni Ziyodulla chavandozga, bizga, Tog’ay Murodga,  XX asr kishilariga va umuman, bundan keyingi o’zligini deb yig’layotgan va yoki ana shu o’zligini, insonligini unutayozgan insoniyatga achinadi. 
Aslida jami kishilar ma’nan aka-uka, hammasi Odam Ato bilan Momo Havoning zurriyoti. Ayniqsa, mo’min — mo’minga birodar. Lekin o’zidan ketgan dunyo, o’zinigina o’ylab qolgan XX  asr kishisi, bu birodarlikni unutgan, unutayozgan...
Qolaversa, mustamlaka, qul millatning aftoda,  o’sal ahvoli bundan-da nochor. Adib o’z samimiyatining cho’qqisidan turib neki joni bor ekan, neki jonivor ekan, mana,  ko’ring, u bizga birodar, yaxshiligimizga mehr-muhabbat, mardonalik bilan labbay deguvchi ekanligini yonib izhor etadi. Eng ta’sirchan ko’ngil yo’lida qo’shiq qilib, tarona qilib bizga, sizga uqtiradi.
Iymoni butun o’zbek eng qaltis vaziyatda halol, mard, vafodor bo’lishni Qiyomat soatidagi birodarlikka mengzaydi. Shu bilan qalb va yurakka, ongga murojaat etadi. Kelgusida har narsaning muqarrar oqibati borligini eslatadi. Qo’shiqday jon-jonimizga oqib kirgan asar «...qiyomatli birodarim...» nidosi bilan yakunlanyapti. Umidli, o’kinchli nido... Qiyomatda hech kim hech kimni o’ylamas, faqat o’zi farog’atga erishadimi yo musibatga yo’liqadimi, shuning fikri xayolida bo’lar ekan. Oqin adib, yoniq shoir, ma’rifatli qalb jonivorni o’shanda ham tashlab ketmaydigan, yordamga otiladigan, do’stini o’ylaydigan deb alqamoqda.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:56:15
Ana shu tuyg’u bizni mehrlantiradi, ilitadi, taskin, umid beradi, hushyorlikka chaqiradi. G’alamislikdan qutulish yo’lini ko’rsatganday bo’ladi. Eng katta ma’rifat — shu! Asl san’atga jon bergan, asrlar osha yashashga imkon tug’dirgan ma’rifat — shu!   
Tog’ay akaning birov bilan gap sotishga vaqti bo’lmadi. Minbarlarni urib, so’zbozlik qilishni esa hech ham xohlamadi. Ammo onasiga-da begona Merso* sifatlarni tevarak-atrofda uchratganidan, uning yurak o’rtar asarlarida ularga insof tiladi. «Odam ketmas bo’lib ketayotganda bormagan odam odammi?» gapi uning shundaylarga ochiq nafrati, ilon po’st tashlab yuboradigan darajada achchiq, keskir qilib aytilgan.
Men nega «Ot kishnagan oqshom» qissasini o’qigan 83-yildan buyon Tog’ay Murodga hurmatim oshib bordi? Bu uning qalbi nihoyatda go’zal ekanligidan. Yuragi dovyurakligidan. Ana shu yurak va qalbni u asarlariga ko’chirib o’tkaza olgan. Shu bois ham Tog’ay Murod insonda eng yaxshi fazilatlarni ko’pirtirmay, samimiy tarzda madh etadi. Eng yomon qabohatlarni esa yuzingda ko’zing bormi, demay fosh etadi, jar soladi.
O’zimcha deyman, Alloh halol luqmali, adolatpesha, g’arib turmush adiblariga keskir va ta’sirchan so’z berib, bu go’zal so’zlarni to qiyomat qadar basharning ibratnomasi qilib, ular toleini saodatmand etarkan.
O’tgan kuni ham, kecha ham, bugun ham yozuvchisi ko’p el-elatmiz. Lekin xo’b asarlarimiz, zo’r she’rlarimiz nega kam?  Chunki fidoyilarimiz kam. 
Tog’ay Murod adib bo’laman, deb Toshkentga kelgan edi, arbob, rahbar, siyosatchi, vazir, saroy mirzosi bo’lib ko’tarilmadi. Nafsga sotilmadi, amalga qul bo’lmadi, zamonga, tuzumga yaltoqlanmadi. Men bunday metin irodali, qat’iy so’zli, qat’iy amalli adib, faqat yozuvchiligini qilgan, qilganda ham yonib-kuyib, boshqa hech narsani o’ylamay, endi durdona bo’lib  qolgan asarlarni yaratgan o’zbek yozuvchisini keyingi chorak asrda  boshqa ko’rmadim.
     Bir adabiy yig’inda domla Mirmuhsin (Alloh rahmatiga olgan bo’lsin) aytgan do’lvor gapni eslayman: «Bir safar yo’lda Tog’ayni ko’rib qoldim: o’ntacha obi nonni ko’tarib olgancha uyga ketayotgan ekan... Shu nonlarni yeb, bu zo’r romanni bitibdi-da...» Bir qaraganda, bu gapning adabiy asar yaralishiga hech qanday daxli yo’qday tuyuladi. Aslida asl fakt bu! Ha, Tog’ay Murod faqat non bilangina cheklandi, yog’li palovlar, katta amallar, mo’may pul xayolida asarlar bitmadi,  halol, kamtarin rizqqa qanoat qildi va so’zga sobit bo’lib mardona yashashda, iste’dodu fidoyilikda qismatdoshlaridan o’tdi.   
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:56:45
* * *

Qo’shiq hech qachon tinmas ekan, ko’ngil hech qachon o’lmaydi!
Men «Yulduzlar mangu yonadi»ni Tog’ay Murodning ikki qissasi mutolaasidan keyin eshitib, izlab-istab o’qiganman. Nomidan tortib so’nggi nuqtasigacha, xayolidan boshlab, daqiq shakligacha ruhi favqulodda yorqin asar.
«Har bandaning ko’kda o’z yulduzi bo’ladi, oshna. Shu yulduzning yongani shu bandaning yonganidir. Shu yulduzning so’ngani shu bandaning so’nganidir.
Yo’q, oshna, yo’q!
Yulduzim hali yonadi! Davralarim hali davom etadi!
Nevaralarim davralarida:
— Yo bobomning piri! — deya ayqirib-ayqirib olisha beradi.
Yulduzim mangu yonadi!»
Bu so’ngso’z aslida hikmat, mardning, ko’nglida do’sti va yori borning umrlik falsafasi. Yulduz nur uyasi, nur joyi! Kichkina yulduz ko’z! Juda katta yulduz, hech qachon so’nmaydigan yulduz — inson ko’ngli! Uning mardligi, mehribonligi, muhabbati, sodiqligi, do’stligi ana shu ko’zning, ana shu ko’ngil yulduzining nurlari. Bu nurdan bebahra kishi so’qir, shu yulduzga xiyonat qilgandan esa taqdir o’ch oladi. Qismat uning ko’zini ko’r qiladi, yulduzini so’ndiradi...
Oqin adib kitobxonni zavqlantiradi!
Oqil adib insonni ibratlantiradi.
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasida ham ana shu ibrat, ana shu yaqinlikning nishonida turadi, qalbida yashaydi.
 Darhaqiqat, Bo’ri va Nasimning ikki qutbdagi kechmishi, lekin yonma-yon yashayotgani ko’pchilikning hayoti emasmi? Biri ishqli, mard, yengib-engilib yashasa-da, asl a’moliga sodiq, ko’zi ochiq, qalbi ochiq — yulduzi mangu yonadi! Boshqasi — nomard, qalbi qora, ko’zidan oldin qalbi so’qir. So’qir ko’ngil, so’qir ko’z. Ko’zsiz, yulduzsiz. Holbuki, go’zal ayolning eri, past-baland davraning g’olibi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:57:15
«Yulduzlar mangu yonadi» asarining qimmati — tasvirda  betaraf, adolatli qolgan holda mag’zidan, tub-tubdan adolatga, haqiqatga xizmat qilishidir. Muqaddas kalomda buyuk Zot «Hech kimga zarra misolicha zulm qilinmas, hammasi o’z yomonligidan», deb ogohlantiradi. Buning bir tasdig’i Bo’ri va Nasim polvonlarning qismati. Odam shundan ta’sirlanadi. Odam shundan o’zini jiddiyroq o’ylaydi. Faqat haqiqiy asarlardagina ana shunday durdona, noyob va kerakli hikmat bo’ladi!
«Yulduzlar mangu yonadi» asarining bosh hikmati — kim do’stga xiyonat qilsa, insonlarni aldasa, uning aldovi oxir-oqibat o’zining qismatiga ko’chadi, haqiqatga aylanadi, sen nimani so’zda o’zingga ravo ko’rsang, Haq senga buni qismat qilib beradi, deb hayqiradi.
Bo’ri qiyomatli do’sti deb bilgan tengdoshiga yuragini ochadi: «Nasim oshna, bir gap aytsam, birovga aytmaysanmi? Oshna, Momoqiz yaxshi, eshityapsanmi, yaxshi...»
So’zni e’zozlashini — ko’cha-ko’yda eshitadiganimiz «yaxshi ko’raman», demayapti. «Momoqiz yaxshi», demoqda.  Bu juda ham kam tilga chiqadigan, tilda ham o’ziga munosib so’z topishi juda qiyin ko’ngil nidosi. (Demak, ichimizda ifodasi tilda, so’zda yo’q juda ko’p aziz tuyg’u va xayollar yashaydi).   
«— O’zing aytaber (javobning qo’pol va hissizligini — V.F.)
— Qo’rqaman-da, Nasim oshna. (Ha, sevgi izhori shunaqa ham dahshatli hodisaki, pahlavonlarning-da oyog’i qalt-qalt titraydi, yuragi xonasidan chiqib ketay deydi, yuragi to’xtab qolay deydi.) Sen bilmaysan, necha martalab aytaman, dedim, bo’lmadi. Ko’ziga ko’zim tushib qolsa... garang bo’p qolaman. Haliyam aytaman, deb borib, nima deyishimni bilmay qaytib keldim. Nasim oshna, sen mening qiyomatli oshnamsan-ku, sen ayt».
Nasim esa omonatga xiyonat qildi, kazzob bo’ldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:57:29
«— Bo’ri, men gaplaringni oqizmay-tomizmay aytdim. Bo’ri oshnamga sensiz kunduz ham qorong’u, dedim.
— Uh, bormisan, oshna! U nima dedi?
— Jo’ra, u, beti qursin, deb qo’l siltadi. Senga ko’ngli yo’q ekan, jo’ra. Ishonmayapsanmi? Mana, Qiblaga qarab aytaman: agar yolg’on aytsam ko’r bo’layin».
Bu yolg’oni ham ish bermasdan... Bo’ri jahl ustida o’zi borib, dilidagini aytib qo’yadiganini ko’rgach: «Bo’ri, men seni aldab edim», deydi. Lekin yolg’onga ishonib, darz ketgan yurak keyingi rost iqrorni ham tinglamaydigan bo’ladi. Nomard, xiyonatkorlar esa tinchimaydilar, suvni loyqalatib, otni qamchilaganlari qamchilagan.
«— Momoqiz, Bo’ri senga bir gap aytaman, deb yuribdi.
— Bilaman, aytolmayapti.
— Momoqiz, u menga ko’ngilini yordi, tayin ayt, dedi.
— O’zimga aytishga uyalgan gapni senga aslo aytmas.
(Eng muborak, pokiza xushxabarni nomardlar, ko’rolmaslar, ko’ngilsizlar, ishqsizlar qanday nopok ko’rinishga keltirishlarini.)
— Aytishga bet chidamaydigan gap-da, Momoqiz. Aytayinmi, nima dedi? Momoqiz bilan... o’ynagim kelyapti. Qo’yniga kiraman, dedi.
— Yo pirim, chini bilan shunday dedimi?
— Aldasam, ko’r bo’layin.
— Unda, Bo’rining betiga qaramaganim bo’lsin! Betini murdasho’y ko’rsin».
Yillar o’tib, so’z taqdir bo’ldi. So’z chinakam qismatga evrildi. So’z otilgan o’q yanglig’ Nasimning ko’zini teshib o’tdi. Qalbining o’rtasiga o’rnashdi. Iymonsiz o’z so’zi bilan o’z burdiga, tabiatiga, yorug’ insoniy ruhiyatiga qasd qildi.
Shuning uchun sevgan kishilar baxtsiz! Ko’nglini boy bergan, ko’nglidagini aytolmay, najotsiz, bo’g’ilgan turadi: «Birovga aytma, jonivor, hay anovi qirda bir qiz bor, shu qiz mening ko’nglim edi... Qiyomatli oshnam ko’nglimga chang soldi! Uh, ko’rgulik.
...Qiyomatli oshnangdan shu ish kelganidan keyin o’zgalardan nima umidu nima xayr...»
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:58:25
Odamzotning boshqa mavjudotlardan bitta juda betimsol afzalligi bor. U Alloh taolo tomonidan ko’ngilli qilib yaratilgan. Tog’ay Murod asarlarining joni ko’nglida. U so’nggi imkoniyatdan turib, ana shu ko’ngilning holatini tadqiq etadi.
Rasululloh (s.a.v.) bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar: «Inson tanasida bir narsa borki, u kasalga chalinsa, butun a’zolar kasal, u sog’ bo’lsa jami a’zolar sog’ bo’ladi. U qalbdir». Xasta qalb barcha qing’irliklarning uyasi, sog’lom-sofdil, mard, oqil ko’ngil butun yaxshiliklarning bulog’i, hayot yaralarining malhamidir.
Odam ko’ngilga, ko’ngil odamga evrilgani uchun ham sog’inib, mana bu yurak iqroriga dil tashlayverasiz: «Oshna, Momoqiz hamon ko’z oldimdan ketmaydi...
Odamda pokdomon tuyg’ular ko’p bo’ladi, so’nmas tuyg’ular ko’p bo’ladi...
Ammo birinchi... birinchi ko’ngil.
Nasim oshna, men birinchi ko’ngildan iffatlisini ko’rmadim, birinchi ko’ngildan so’nmasini ko’rmadim».
Yurakning to’ridagina qolib, faqat yurakka aytadigan bu armonli munojotni yurakdangina his qilamiz. U juda ham pokiza, u juda ham yuksak. Hayotning bosh so’zi Qodiriyning Otabegida shu xislat borligi bois, u qachonlardan buyon ardoqlanadi. Unday bo’lgimiz keladi. Xuddi shu darajadagi insoniy sevgi «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida Bo’ri polvon timsolida dunyoni ko’rgan. Faqat bu ishq dostoni Otabeknikiga qaraganda fojiali va armonli, xotirasi tirik, ruhi qatl etilgan ishq, undan Yodgor qolmagan...

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:58:57
* * *

Alloh odamni yaratib, uning ko’ksiga jonni joylamoqchi bo’ldi. Ammo bundan jon bo’yin tovladi. Men yuksakman, xor va kir, past mavjudotning ichiga kirmayman, dedi. Shunda Parvardigor uni ilohiy kuy bilan avragan edi, jon shodu xurramlik ila Odamning ko’ksiga joylashdi... (Rabg’uziyda keladi)
Odamning joni ana shunaqa ohangi bor lahzada farog’at topadi, hamma narsani qilmoqqa chog’lanadi, ulg’ayadi, pastkash, mayda, nochor, hayvoniy tuyg’ular undan chekinadi. Ehtimol, shuning uchun oddiy so’zlar kuylanganida ma’no kashf etadi, manzara bo’ladi. Ko’ngilni mutaassir qiladi, uni mavjlantiradi. Bir qadar jasur, jur’atli, ezgu, odamoxun, munis qiladi. Tasavvurni kengaytiradi, taxayyulga olam-olam maydon, shaxsga erk, qanot beradi. Bekordan-bekorga hofizi qur’onlarga o’z ovozi bilan muqaddas Kalomni ziynatlash buyurilmagan. 
Shuning uchun ham hofizi davron hazrat Navoiyning «Izlaganlar izlaganni sahroi balodan izlasin» misrasini yonib kuylaganda g’azal matni ma’nolaridan-da kengroq, qiyomat-qo¬yim tasviri yurakni yorib, hayot jahonnomasidan o’taveradi.
Bu fazilat adabiyotning dong’il yo’li nasrda noyoblashib, kam kuzatiladigan bo’ldi. G’arbda bunga chuchmal, ortiqcha narsa deb qaraydiganlar katta kuch. Va shuning uchun ham XIX, XX asr G’arb, Amriqo nasrining so’zi sovuq, ruhni ezadi. Ko’ngil bilan hisoblashganda Joys, Kafka, Folkner, Kamyu kabi jahonshumul yozuvchilarning nasri qancha zo’r bo’lgani bilan tinka-madoringizni quritib, nafasingizni qisadi. So’zda havo istaysiz, jumlada koinotni sog’inasiz. Bitikda kuy, ohang, she’riyat nash’asiga ochlik seziladi. Hartugul bu borada G’arbga nisbatan Sharqning imkoni ham, ehtiyoji ham  tosh bosadi.
Uzoqqa borishga hojat yo’q, birinchi romanchimiz Abdulla Qodiriy asarlaridagi ichkin ohang, mansur she’riyat nasriga kuch, imkoniyat, parvoz va osmon hadya etgan. Bu musiqa, she’riyat ruhi Chingiz Aytmatov nasrida ham mavjlanadi. Uning ilk asarlaridan mashhur «Jamila» qissasi dastavval «Kuy» deb atalgan.
Tog’ay Murod nasri ham ana shunday shoirona. Uning so’zi she’riyat ruhi bilan sug’orilgan. Bejiz adibning onasi «Sen shoir bo’lmaguncha, men o’lmayman», deb mardona tilak bildirmagan ekan. Tog’ay Murod asarlari tug’ma, kuylangan so’z. Girya qilingan nasr. Har bir imlosi, so’z qurilishi she’riy, hatto she’riy satrlari, o’ynoqi termalari, tashviq va taronalari borki, bir yo’la ham nasrdan, ham nazmdan bahramand bo’lamiz.   

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:59:21
                                                   * * *       
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasining bir o’rnidagi evrilish boisiga aql javob topolmaydi. Bo’ri polvonday vazmin, pahlavon kishining Tamaraxonim oldiga kelib, tarona qilganda, o’zini bilmay, aqli hushini yo’qotib, belbog’ini yechib go’zallik va qo’shiq poyiga to’shaydi. Haqiqatan ham kuy, qo’shiq kuylanayotgan holat favqulodda holat, cho’qqidagi xarsangni kuchli dovul jarga qulatishi hech gap emasday, odam ruhiyatini ag’dar-to’ntar qilishga kuchi yetadi. Yetuk asarning odamni lol etadigan lahzalarni kashf etadigan sinoatlaridan bittasi bu.
«Ot kishnagan oqshom» asarining hikoyanavis qahramoni Ziyodulla kal — Ziyodulla chavandoz aslida o’lanchi, baxshi, hatto hayotda do’mbira sayratar oqin bir odam. U kuylab-kuylab, ovozim yetmay qolganda, do’mbira sotib oldim deb, o’zining ojizligidan ma’yus tortadi. Biroq bo’lak hunarlari o’tmaganda doston aytib odamning nazariga tushishga urinadi. Rosti ham, kuylay bilish odamning ko’rki, olamni jalb qila bilishgina emas, uni o’ylashga da’vat qilish hamdir.
«Ot kishnagan oqshom» qissasining uslubi ham, ruhiyati ham «O’v, birodarlar», deb boshlagan ilk issiq haroratli so’zdan boshlanib, olis va yaqin zamonga, chigal va osoyish muhitga bizni hayqiriq bilan olib kirib, jonivorlarga-da yetkazib: «Ayo Tarlon, sen mening qiyomatli birodarimsan!» degancha avji susaymay, savti yuksalib borgan dramatik, fojiiy, hofizasi juda ko’lvor ulug’ dostondir.
Nazarimda, ana shu dostonlarning eng sarasi, eng originali, eng dardkashiyu eng hamdardi, taronasi, so’zi, munojoti eng balandi «Oydinda yurgan odamlar» qissasidir. Undagi so’z, she’r, terma, iboralarning aksariyati hayotda bir marta aytilib, bir umrga tatiydigan qo’shiq matniday tuyuladi. Bu qo’shiqdagi inson dardi dunyoni ko’rish nazari, bu tegradagi e’tiqodi, amali nihoyatda o’zbekona, xalqning eng mardona fazilatlaridan tiklanib, bir qo’shiq, bir dunyo taassurotini beradi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 20:59:37
Xususan, «Oydinda yurgan odamlar» qissasidagi ayolga sir erkak dunyosi, erkakka tilsim ayol, qiz olami hissiy, fikriy basirat ko’zi bilan chiziladiki, o’zbekning o’zbekdan boshqa his qilish juda qiyin or-nomusi, baxt va baxtsizligi, hayvoniy va ilohiy fe’l-atvori tiniqdan-tiniq ko’z ochgandir.
«Oydinda yurgan odamlar» qo’shiq bilan boshlanib, qo’shiq bilan adog’iga yetgan. Bu qo’shiq  naqorati har bahor yangicha keladiganday ko’nglimizni umid va yangilikka o’raydi.  Unutilgan rivoyatlarni faqatgina Aytmatov o’z asarlarida jonlantirib nasr xayolini, nasr imkoniyatlarini nazm mavjlari bilan kengaytirmagan ekan. Tog’ay Murodning rivoyati — qo’shiq ichida qo’shiqlari, asar ichida asarlari xayol va hayotni, olam va odamni, moziy va kelajakni bir nuqtada jamlab tamaddundan qisilayotganimizda sharqona san’at obihayoti bilan ruhimizni yayratadi.
«Asl qo’shiq turganda muxammas qo’shiqqa yo’l bo’lsin? Asl qo’shiqqa taraf yo’q!» Shu jumlada butun borlig’i bilan oshiqning qo’shiqqa, ma’shuqaning asl qo’shiqqa evrilganiga guvoh bo’lamiz. Bunchalik go’zal o’xshatish qilinganini qaysi nasriy asarda uchratgansiz? Qo’shiq, asl qo’shiq. Ular aytgan qo’shiqlar dunyoni go’zallashtiradi, dardi armoni, osmoni bilan... Rost! Qo’shiq hech qachon tinmas ekan, ko’ngil hech qachon o’lmaydi! Shoir adibning ko’ngli shahiddir!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:00:04
* * *

Asarlari nazarga tushgan adib shaxsi ham e’tiborda bo’ladi. So’zi — adibning o’zi! O’zi — adibning so’zi. Yulduzli onlarda bu o’zlikning basirat ko’zi ochiladi. Yurakdagi ko’zi charaqlaydi. Lekin o’zi bilan so’zi ikki qutb ekanligini ko’rib, yoqa ushlaysan. Azaliy Qonun o’zgarib, so’z vaqtincha aldash va vaqtdan yutish uchun izg’ib yurgan firibgar bo’ldimi? Yolg’on, yolg’on, faqat yolg’on so’zlanaveradi... Aldovlar oshkor bo’ladigan kun — Qiyomatda bir-birimizning yuzimizga qanday qarar ekanmiz?! Ko’zimiz ko’zimizga tushganda chehramiz yorisha oladimi?!
   Tog’ay Murod rostgo’y edi. Xato bo’lsa-da, dilidagini tiliga chiqaruvchi edi. Mehrini ham, nafratini ham tap tortmay bildirguvchi edi. Bu asarlarining haroratidan seziladi.
   Adib avvalo so’zida turishi kerak. So’zga munosabati uning shaxsiga oyna. Shoir Shukur Qurbonning bir xotirasi hech esimdan chiqmaydi: «Men Tog’ay bilan shaharning bir chekkasidagi ijaraxona eshigi oldida kechga yaqin uchrashmoqchi bo’ldim. Ammo borolmadim. Voy, bu Afandini... Balki Shukur kelib qolar, deb va’dalashgan joyimizda tonggacha meni kutibdi».
   Radioda ishlab yurganimda Shukur akaga taklif qildim: Tog’ay Murod bilan bir suhbat qilib bermaysizmi?
   Shukur Qurbon oldimda adibning xonadoniga sim qoqdi. Tuppa-tuzuk hol-ahvol so’rashishdi. Ammo radio uchun suhbatlashish taklifini aytishi bilan go’shakning u tomonidan Shukur aka kutmagan bir dovul esib, suhbatdoshning uzun, qalin qoshlari yanada o’sib ko’z ustiga tushganday bo’ldi. Boshini ko’targanda, yuzi qizarib, kayfiyati butunlay o’zgarib ketgandi. Go’shakdan esa tutaqib ketgan bir ovoz nafratini baralla aytayotgani eshitilardi. Biz hayron bo’ldik. Hatto Tog’ay akadan bir oz xafa ham bo’ldik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:00:17
Keyinchalik Ma’suma opadan eshitsam, radioning o’sha payt¬dagi boshlig’i «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani qo’lyozmasini olgancha, «Men o’qimagunimcha efirga berilmaydi», deya uch-to’rt oy sudrab, adibning go’zal va haqgo’y so’zini yerga urmoqchi bo’ladi...  Asl adib mard bo’ladi. Nomardning amali, kuchidan hayiqib o’tirmaydi. Hamisha rost so’zini aytadi. Tog’ay Murod asarlari yillab yotsa-da, rost gapidan qaytmadi, amaldorlarga qulluq qilmadi, ulardan qo’rqmadi. Bu fazilatsiz asl adib hech qachon o’zini namoyon eta olmaydi. Qo’rqoq adibning so’zi esa sariq chaqaga arzimaydi!
   «Oydinda yurgan odamlar» qissasining qahramoni Qoplon: «Asl gaplar ko’ngilda  bo’ladi. Tilga chiqsa yolg’on bo’ladi», deydi. Bu nihoyatda qalbi pok, mehr-muhabbati beta’ma kishining samimiy qarashi. Bu — Tog’ay akaning o’z qarashi. Shu bilan odamni, millatni   qanday sevish kerakligi sirini ochgan.  Odam muhabbatsiz yasholmaydi. Muhabbatini izhor etolmasdan ham yasholmaydi. Tog’ay Murod asarlari ana shu muhabbat bunyodidir. Shu muhabbat izhorining xushbo’y chamanzoridir. Qalbdan qalb-ga aytish yo’lini topgan, shu bois rost va yoniq ko’ngil pokliklari ko’ngilni maftun etadi. Ko’ngilni asir qiladi. Adibga boshqa hech bir shonu shuhrat, martaba va  maqtov kerak emasligini o’zim guvoh bir voqea misolida ham aytishning o’rni keldi.
   1993 yilda Yozuvchilar uyushmasida «Yoshlik» jurnalida endigina chiqqan Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romani munosabati bilan bir tadbir o’tkaziladigan bo’ldi. Kecha kutilmagan tarzda boshlandi. Uni ochmoqchi deb o’ylaganimiz taniqli bir adibimiz minbardan turib: «Tog’aynikiga o’xshagan asarni biz ham yoza olamiz, yozganmiz ham...» dedi-da, davrani boshqarish o’rniga yig’ilishni tashlab, jo’nab qoldi. U go’yo shu bilan yig’ilishni «baykot» qilgan, hamma tarqab ketadi deb o’ylagan, balki bu asar gaplashishga arzimaydi, mening fikrim shu, demoqchi bo’lgandi...
   Ammo undan boshqa hech kim ketmadi, bir zumlik karaxtlikdan keyin davra qayta jonlandi, minbarda aytilishi uchun fikrlar ketidan fikrlar navbatga turdi. Ammo bu samimiy yurak so’zlarini mahalliychiligini yenga olmagan, xudbin va o’ziga bino qo’ygan yozuvchimiz eshitmagani kabi Tog’ay Murodning o’zi ham eshitgani yo’q. U yig’ilishga taklif etilganiga qaramay kelmagandi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:00:37
Tog’ay aka rost gapni aytib, e’tiqodini baralla izhor  qilib, do’st orttirgan kabi dushmanlarini ham shundan ko’paytirganga o’xshaydi. Chin do’stlari, o’zbek kitobxoni balki unga xolis dalda bergan bo’lsa bordir, ammo moddiy yordam berishni xayoliga ham keltirmagani aniq, ammo so’nggi nuqtagacha qaysi sodiq va vafodor do’sti uning oldida turgan ekan... bilmadim. Ammo dushmanlari insonni shunchalik seva olishi va millatni shu darajada yaxshi bilishini ko’rolmay kuyib-pishdilar-ey...
Endi o’sha kibrli adibimiz «biz ham yozganmiz» degan «Otamdan qolgan dalalar» haqidagi luqmasi haqiqatdan ham adolatdanmi? Afsuski, o’zbek turmushini bor-bo’yi bilan ko’rsatishga uringan, imkoniyati eng ulug’ janr — roman degulik asarlar adabiyotimizda juda oz. Qodiriyning ikki romani — ikki yuz yil naridagi hayot misolida chinakam o’zbekona fojiadan bahs etadi. Ammo uning bosh qahramoni Otabek savdogar, Anvar — mirzo, XX asrda eng uzoq davr zulmga mahkum o’zbek qishlog’i, o’zbek dehqoni taqdiri esa...
Cho’lponning «Kecha va kunduz» romani uning ma’naviy davomchisi, aks tomoni — yangi sharoitda Otabekning Miryoqubga evrilishi taassurotini ham uyg’otadi... Qodiriy bilan musobaqalashib, ham o’n yil keyingi o’rganish va o’zlashtirishlarni qo’shib Cho’lpon realizmda bir qadam olg’a bosgan, kuchaygan psixologiya, konkretlashgan xayolot orqali o’zbek romaniga yangiliklar kiritgan, uni shafqatsiz va rangin hayotga yaqinlashtirgan edi... Ammo uning ikkinchi qismi qani? Beixtiyor xayolga romanchiligimiz yo’lida yangi dovon — shu o’rtada bitilgan «Sarob» keladi-yu, tasviri, ruhshunosligi bilan maftun etsa-da, g’oyasi dilga g’ashlik solib, milliy dard bilan yashaganini his qilmaymiz. Undagi millat dardi siyosat o’ligi tagida ko’mib tashlangan, go’yo o’zbeklik sarob, u Saidiyning o’limi, yanada to’g’rirog’i, uni qatl etishga hukm etadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:00:51
Bu cho’ng yurak hasrat keyin Oybek diliga iz soldi. «Qutlug’ qon», «Navoiy»... Ular o’ziga xos, yaxshi romanlar. Ammo undagi hayot... iskanjaga olingan, xurujlar tazyiqida qisilgan manfur siyosat qilichi tepasida nimaga indamasa, «marhamat qilsa», shu tasvirga ko’chgan, xolos...
Faqat 1988 yili yorug’lik yuzini ko’rgan Murod Muhammad Do’stning «Lolazor» romanida XX asr sovet davri o’zbek hayoti nafasi ufuradi. Bu asardagina ellik yil o’tib, Cho’lpondan ke¬yin uslub va so’zda o’zbek romanida yangilik qilishga urinish seziladi. Jiddiy romanlarimizning «Lolazor» hajman eng ko’lamdori. Unda tirik, yashagan ancha-muncha kishilarning hayot kabi betakror obrazi, qismati, o’tmishi va kelajagi bor... Ammo bu asar ham millatning katta qismi haqida emas, balki ijtimoiy va ma’naviy hayotida qandaydir iz solgan, dog’ qoldirgan ziyolilar qatlamini baholi qudrat tadqiq etadi...
Va nihoyat «Otamdan qolgan dalalar» romanining ko’z ochishi... Biz qullikka mahkum etilgan yetmish yil davomida o’zbekning manglayiga yozib qo’yilgan bitta halol, ezilgan hunari qolgan edi — dehqonlik. Biz kim bo’lmaylik, qaerda tug’ilib, qaerda yashamaylik, dehqon, O’zbekiston paxtazor edi. Dehqoncha o’ylardik, paxtaning bo’yicha kelardi fikrlarimizning bo’yi. Quldorimiz ham paxta, yolg’on iftixorimiz ham paxta... Shaharda, dast¬goh oldida ishlasak ham, ob-havo yaxshi, yil yog’inli, serhosil kelsin, deb duo qilar edik. Aksariyatimiz paxta dardi bilan og’rib, shu dard bilan qiyratilayotgan edik. Ammo bu mavzuni kim romaniga birinchi marta to’laqonli asos qilib oldi? Tog’ay Murod. Kim o’sha milliy ruhdagi, milliy dardi yangroq o’zbekni, XX asrda qul bo’lib, qalbini yo’qotgan, o’zini boy bergan o’zbek obrazini tiklab bera oldi? «Men o’zbekka haykal qo’yaman», deb bu ishga mardona bel bog’lagan Tog’ay Murodning Dehqonquli tirik odam bo’ldi, o’zbekning dardidan nafas oldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:01:10
Albatta, «Otamdan qolgan dalalar», «Lolazor» romani kabi polifonik emas, turli uslublardan, ikki xil voqea yo’nalishi va shunga yarasha tasvirlari maromi yo’q, g’arbona san’atkorlikdan ham xoli asar. Biroq «Lolazor»da ko’rinmagan juda ko’p o’zbekona xususiyatlar bo’rtib, ta’sirlantirib ko’zga tashlanadi.
Bir paytlar Qodiriy «Obid ketmon» povestini yozish niyatida ot mingancha dehqonlar hayotini o’rgangan edi. Ammo «Obid ketmon» sho’ro mafkurasining buyurtma asari bo’lgani bois ham muvaffaqiyatli chiqmadi. Biroq ko’p adiblar stol quchoqlab, asar yozishni «do’ndirgan» zamonda «Obid ketmon» tajribasi — Qodiriy ibrati Tog’ay Murodga saboq bo’lgan, qolaversa, Obid ketmon nomi Jamoliddin ketmon nomini topishda Jamoliddin ketmon obrazini xayolan tasavvur qilishga turtki berganday tuyuladi.
Tog’ay aka  «Otamdan qolgan dalalar» romanini o’tirib emas, yurib ishlab, Toshkentda emas, Surxonda yozdi. Tug’ma ijodkorlikni, dehqoncha ijodkorlikni yana tikladi.
Nega bizda boshqa hamma ishni yig’ishtirib, yozuvchimi yozuvchiligini qiladigan adib yo’q darajada? Shu bois iqtidor bo’lgani holda yozgani shunga yarasha adib kam, yo’q hisobi. Adib Olyosha hikmatidagidek, yozuvchilik qismat, hayot-mamot darajasiga yetgandagina mo’’jiza yaratadi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:01:22
...O’zim ham o’n uch yoshdan paxtadagi hamma ishlarni qilganman. Hatto samolyot dori sepadigan dalada bayroq ko’tarib turganman. Ammo bular inson hayotiga halokatli ekanligi, odamni o’ldirish, eng armonli dardlarga duchor qilishi mumkinligini o’shanda qaerdan bilibman? Dehqonqulning maktabdan paxtaga chiqishi, do’sti Ziyodning o’limi bog’liq epizodlar bilan to’qnashganimdan keyin ko’zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Meni ham hamqishloqlarim, qattol tuzum bilib-bilmay o’limga mahkum etganini his qilganimdagi dahshatga tushganlarim... Xudo saqlabdi, Xudo! Xuddi shunday qancha-qancha Ziyodlar-chi? Pushti kuyib, o’zi nogiron, hech qaerga ismi sig’magan boshqalar-chi?!
Oqin adib Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romanida qariyb chorak asrlik o’zbeklar hayotining eng og’ir chog’larini bor bo’yi bilan ochadi. Qarang, bobolarimiz kim edi? — Jamoliddin ketmon? Aqrab qo’rboshi? Biz kim bo’ldik? — Deh¬qonqul! Bu bizning bolalik va kattalik zamonimizdagi otalik siyrati,  o’zbekcha maydalashish, ruhan ado bo’lish manzaralari emasmi? Rosti, hozirgacha o’zbek dehqoni, dehqonqullik psixologiyasi jiddiy ochilgan «Otamdan qolgan dalalar» romanidan o’tadigan biror-bir jiddiy asar o’qimadim...
Men Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanini o’qisam, qishloqqa borganday, o’zim terlab ishlagan dalalarimni ko’rganday bo’laman... Yillar, zamonlar o’tdi, u odamlar ketdi, ketmoqda, dalalar qolgani kabi «Otamdan qolgan dalalar» ham yashayapti, yashayveradi! 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:02:04
* * *

...Bahor adoqladi. Ko’klam oyog’ini cho’zdi. Qani ko’ksiga gul-chechak taqqan kunlar? Qani ko’ngilga go’zal, alvon qadah tutgan lolalar? Pana-pastqamlarda kechikib ochilgan oxirgi lolaqizg’aldoqlar... Izlaganda yo’q edi, endi odamlar tirikchiliklariga urib ketganda yo’lga intizor qaraydi. Jovdirabgina. Erta-indin ular ham qovjiraydi. Erta-indin ko’klam xayoli-da xotiradan ko’tarilishga tushadi. Nima qoladi bizga... nima qoladi bizdan?..
   «Zadar, — deydi «Lo’li» filmida bir bag’ri yoniq kishi davralariga kirib kelgan alp yigitga, — dilingda borini so’yla, Zadar, sen ketsang, so’zing biz bilan yashaydi!»
Rost gap! Co’zda yashash imkoni bor. Haqiqatning abadiyati so’zda. Mehru muhabbatning, vafo va sadoqatning umri uzoqligi so’zda. Shu boismi momo va bobolarning dili cho’g’ida pishib, bizga yetgan so’zlarning ajabtovur dovyurakligi, g’aroyib oqilligi, tasvirga sig’mas siyrati, alomat sehri, sinoati bor. Chinakam shoir ularga yoniq umr ato etadi. Haqiqiy adib asarida ular bor qudratini namoyon etadi. Ko’ngil shohligi taxtiga o’tiradi.
So’z g’am-g’ussa, shod-xurramligini ratsional aytishga imkon beradi. So’z odamlarni uyg’otadigan yakka-yagona qo’ng’iroqdir... So’zlar bedor bo’ladi.
...Darvoqe, oqin adib, baxshi shoir Tog’ay Murodning ilk hikoyasidan so’nggi romani oxirgi jumlasigacha tilimiz balog’ati, so’zimiz nafosatini kuzatish, tomosha qilib, maroqlanish mumkin. Tog’ay Murod millatning boqiy qadriyatlari — insonlik o’rni, ajib urf-odatlari himoyasi uchun qancha xizmat qilgan bo’lsa, uning tili sofligi, jilosi, ohangi uchun bundan kam bo’lmagan qat’iylik bilan kurashdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:02:19
U so’zlarni zargar kabi to’plar ekan, har bir hududning so’zlari o’sha joy odamlarining qalb kodi — qulfi dili ekanligini isbotladi. Shu bois sheva so’zlar, lahjaviy iboralar chiroy yo bezak uchungina emas, ruhiyatning ochqichi bo’lib yozganlariga kirdi. Xurjundan tushib qolgan tillalar — so’zlarni xazinaga qaytardi.
   Uning nasridagi ixchamlik xayoli keng she’riyat lo’ndaligidir. U tasvirda juda ko’p so’z ketadigan holatni xalqona bir ibora bilan berib, tasviri tasavvurga yo’l ochuvchi shoir bo’la oldi. Uning so’zlari baxshiyona so’zlar, kuylovchi so’zlar. Ruhiyati keng, ma’nosi bepoyon so’zlar...
   Tog’ay Murod tuzgan jumlalar, aytgan fikrlarining katta qismi hikmat bo’lib tavallud topadi. Mashg’ulotlari ma’rifatgo’ylik. Ular Tog’ay Murod maqollari.
   Bilmadim, balki tajriba sifatida o’zini oqlar, balki urinish deb baholanar, u so’zlar yaratdi. Va XX asr o’zbek adabiyotida bunchalik bo’rtib ko’zga tashlanmas lisoniy o’zgarishlar, lisoniy ekspromtlar qildi. Aksariyati kitobxonni zavqlantiradi, e’tiborini tortadi. Quruq  tilda yozishga o’rganganlarning g’ashini keltiradi...
   Adib boshqa tillar tajovuzida qisilgan, ezilgan adabiy tilimiz dardi bilan nafas oldi. Dahriy, xudosiz jamiyat surgun qilgan, badarg’a etgan, qatl-qatag’on qilmoqchi bo’lgan taqvodor so’zlarni, botini yorug’, umri uzoq so’zlarning himoyachisi, do’sti, habibi kabi asarlariga olib kirdi. Bundan turkiy hissiyotimiz jo’sh uradi, turkiyona erkchi ruhiyatimiz havolanadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:02:36
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasining boshida bir atama keladi: «to’y xo’jasi». Buni boshqa nom bilan ham atasa bo’ladimi? Mumkinday. Matn mazmuniga hech qanaqa putur yetmaydi. Ammo bu atama asar ruhi uchun zarur. Millatning asl e’tiqodini eslatish uchun kerak. U ellik yildan buyon oq kaltak, qora kaltak qilingan «xo’ja» so’zini olib kirib, odamning fitriy idealiga e’tiborni qaratadi. Tog’ay Murodning ishlatgan aksariyat rangdor, serma’no so’zlari ana shu bosh ma’no uchun xizmat qiladi. Insonning o’zligini esga soladi. Dunyoga nega kelganligini bildirib qo’yadi. Bu juda katta himmat. Boshqa bir asl adib, haqiqatgo’y shoirga turtki berishi bilan yanayam muhim.
   Xuddi shunday uning asarlari orqali qalbga o’rnashgan «it yiqilish», «qoni tortdi», «obtova», «chig’ana», «g’ujmoqi bug’doy», «hangi», «chayla», «xalacho’p», «gardkam», «choriq», «cho’nqayma», «uchchoga», «achchiq shapaloq», «ayolboz», «erkakzot», «chaldevorxona», «mocha», «juhudi atlas», «dilbuzar», «uzangi yo’ldoshlar» kabi minglab tilimizda bor, lekin juda kam ishlatiladigan bo’lib qolgan tarzi alomat so’zlar, iboralar, nazarimda, qafasda kenglikni, shaharda qishloqni, mustamlakada mustaqillik xayolini beradi.
Tog’ay Murod so’zlarining imkoni keng. Kaltafahm qarashlar siquvida tojigu arabiy deb yozuvda qo’ymay, xalq tilida barhayot ko’pgina sheva so’zlar — aslida tilimizni quvvatlantirib, zaxiradagi askarday adabiy tilda ishsiz qolgan usta so’zlarga, lahjaviy iboralarga mehrli, qadrdon munosabatda bo’ladi. Ularning yulduzday yorug’, cho’g’ kabi taftli ekanligini ko’rsatadi. Bir ma’nosida qolgan, aslida ko’p ma’noli so’zlarning navbatdagi ikki, uchinchi, aslida asliga yaqin ma’nolarini ishga soladi. «Do’rji», «eb-ey», «shuytib-shuytib», «emchakdosh», «poshikasta», «binoyi», «mom», «moyak poyanagi», «kadi», «hamsoya-qo’llar», «tuz-namak», «galagov», «xushro’y», «murdasho’y», «xayla», «dast ko’tarmoq», «loppi», «govkalla», «domangir», «harommag’iz», «tengsarib», «badrabxona», «chalpak», «sag’ir», «buzmakor», «makiyon», «aynam», «azzancha», «vaxshimor» kabi yuzlab so’zlar keladiki, biri asrlar davomida ajdodlar o’y-xayolini ko’tarib yurganlar, ba’zilarini adib ozgina ishlov berib, asl ma’noga xizmat qildirgan. Misol uchun, «Vaxshivor»ni adib «Vaxshimor» deb to’g’rilab, ma’nosi asl ajdaho ilonlar makoni ekanligini tiklaydi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:02:48
Holbuki, «O’zbek tilining izohli lug’ati»ga kirmagan necha minglab so’zlarimiz yo’qolib boryapti, iste’moldan chiqib, unutilib ketyapti. Nega ularni asrab qolmayapmiz? Nega boshqa millatlarda allaqachon shakllangan, o’tmishda o’zimizda ham bo’lgan lug’atlar tuzmaymiz? Axir, endi hech kim bunga monelik qilolmaydi-ku. Tilimizning bor kuchi, so’zlari yig’ilib, kitoblarga muhrlab qo’yilsa, bundan faqat yutamiz. Axir har bir so’zda, har bir millatning faqat uning o’ziga xos ruhiy jarayonlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti yashaydi.
Tog’ay Murod asarlarining  o’zi bir lug’at. Uni to’plab, sharh¬lab, chuqur izohlab nashr qilinsa, ko’pgina unutilgan so’zlarimiz yoxud voha va vodiylarimizdagina ishlatilib, mahalliy bo’lib qolayozgan so’zlarimiz adabiy tilimiz xazinasini boyitib, tilimizning kuchiga kuch qo’shadi. Yana bir jiddiy omil — adib yasagan yangi so’zlar tilimiz tarovatiga yot, husniga dog’, talaffuziga beo’xshov ajnabiy so’zlar o’rniga tushib, bu og’riqni muolaja qilishi turgan gap. Mana, ayrimlari (Lug’at tarzida keltirdik, keyingisi Tog’ay Murodniki).
Kerosin — yer moyi;
Shamol to’suvchi — yelpana;
Zajigalka — yondirgich;
Shampun — sochsovun;
Papka — juzdon;
Doska — bitik taxta;
Seyalka — urug’ sepgich;
Lab bo’yoq — lolab va hokazo.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:03:18
...Xuddi shunday, Tog’ay Murod so’zlab turib, so’zlarni qaytara turib, voqea hayajonini kuchaytiradi. Co’zlarning ma’nodorligini oshiradi. So’zlar takrorlangani sari ezmalik qilmaydi, balki qo’shiqning naqorati, g’azalning shoh bayti bir ichki musiqa mavjida ma’no ustiga ma’no, tasavvur qatiga tasavvur indiradi. Biroq Tog’ay Murod ifodada ko’pincha odatiy hollarni sindiradi, qonuniy deb qaralgan aslida ma’nosiz qotib qolgan sifatlashlarni buzadi. Shu bois bu harakatlar boshqacha joziba kasb etadi, g’aroyib jaranglaydi. Ehtimol kimgadir erish tuyulishi ham mumkin.. Mutolaada yod bo’lib qolgan ayrim ifodalardan: (o’yladi emas) xayollandi, qamchi (ko’tardi emas) havolatdi, (sho’xlik qilmoq emas) sho’xlashmoq, (qaylig’inikiga bordi emas) — qayliqlab bordi kabi bu gaplarning kesimi o’zgarganiga guvoh bo’lamiz. Fazilatli tomoni harakat — obrazli tasavvurga, tashbehga aylangan, so’z lo’ndalashgan. Yangi shaklda yangi ma’no shunday — Tog’ay Murod nasri¬da tug’iladi.
   Hatto Tog’ay Murod matnda ko’pincha —ga qo’shimchasini tushirib qoldiradi. Bu boshda o’rinsizday tuyuladi. Kishini duduqlantiradi. Nega bunday yo’l tutdi ekan? Asl qandaydir qonunni adib tiklamoqchi bo’lgan? Men buning nimaligiga aqlim yetmadi. Faqat shaxs o’y-fikri, qahramonlar xatti-harakatini  til bilan emas, dil bilan, qalb bilan o’qishga odatlandim... Kitob o’qiyotib qochgan, o’zi bilan o’zi gohi andarmon bo’lib qoladigan xayolim hushyorlashdi. Bunaqa matn tuzish esa o’zbek nasrida uchramagan adabiy hodisa.
Bir zamondoshi Abdulla Qodiriyni shoirlikni havas qilib, shoir bo’lmay qolgan, degan ekan. Bu Qodiriy nasridagi she’riyat mavji haqidagi fikr ham. Qodiriy esa shoir edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:03:46
Chunki Qodiriy, Aytmatov kabi juda katta qalbli adiblar asarlarida sochilgan minglab tuyg’ular, yuksak romantik xayollar katta shoirlarda ham siyrak uchraydi. Shoirlik so’zni so’zga urishtirib, qofiya qilish emas. Shoirlik — chinakam ma’nodagi hislar va tuyg’ularni uyg’otish, insonning jo’shqin, g’amgin xayoliga erk berishdir. U ijodkor qalbining miqyosi bilan belgilanadi.
Har qanday shoirda adiblik iste’dodi bo’ladi. Lekin juda kamdan-kam adibda shoirlik iqtidori yuzaga chiqadi. Tog’ay Murod ham xuddi shunday ijodkorlar sirasidan. Uning ijodi tom ma’noda shoirona. Mardona she’riyat ruhi bilan sug’orilgan.
Ayniqsa, uning qissalarida she’rlarda-da kam uchraydigan siyrak favqulodda tashbehlar guras-guras uchraydi.
«Bahor podasidan sut hidi keldi...» Nasr sifatida bu gapni shunchaki o’qiysiz. Ammo bu nazm o’rnida kishi qalbini sar¬hush qiladi. Tasavvurni ishga soladi. His-aql birgalikda so’zlar ortidagi manzaralardan ko’p va xo’p tasvirlarni ko’rib, ruhlanadi.
O’zimning tasavvurimdan bir ulush:
Bahor podasi — bulutlar. Ammo bahorda ikki xil bulutlar ro’y ko’rsatadi. Birdan osmonda ko’rinib, ana-mana deguncha osmonni qoplab olib, sel qo’yib beradi. Ular yaylovga endigina yetib, o’t-o’langa yopiriladigan qo’y-qo’zining o’zginasi. Bahor podasi, holbuki, sut hidini oq bulutlar esga soladi. Demak, birgina she’riy jumla — tashbeh Tog’ay Murod nasri maydonini kengaytirib tashlaydi. Kitobxon xayolot ufqini ochadi. Ikki, uch xil manzaralarni bir yo’la tomosha qilishga imkon beradi. Zamin va osmonga ko’prik soladi. Tabiat va jamiyat, inson va borliqni so’z bilan, she’r bilan uzviyligini kashf etadi. Kashf etib to’lqinlantiradi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:04:11
Adib nasridagi bunday satrlarni men she’rday o’qiyman. Ulardan she’rdek ruhlanaman.
Ukkag’ar qirlar hamon yuksak-yuksak"¦
Qishdan chopar keldi.
Bu kabi tashbeh, tasvir, baland to’xtamlar eng qaltis munosabat nuqtalarida, shunchaki hech ham aytib bo’lmas hayot shaf¬qatsizliklarini ham nafis, ham go’zal, ham orifona, ham dangal aytadi-qo’yadi. Juda dag’al, favqulodda fojia, kutilmagan evrilishlar ham hech kimda shubha uyg’otmaydigan xalqona tarz¬da kifti keltirilib aytilar ekan, bu chidovsiz voqelik dilbar yo’sinda ham aqlga, ham hisga bosimni bo’lib tashlaydi. Dard shavq botinida turadi. Musibatning go’zal, betakror ifodasi ezilganga ruh, tik boqish imkonini beradi. Negadir Tog’ay Murod qahramonlari og’ir, favqulodda lahzada «elkasidan nafas oladi». Ziyodulla chavandoz otdan, Bo’ri polvon odamdan hech qachon yiqilmaydi — balki «yulduz sanaydi». Chunki jo’ngina «yiqildi» so’zida «yulduz sanash» holatining realizmi va romantikasi qaerdan bo’lsin...
   Tog’ay aka tabiatning nihoyatda nozik kuzatuvchisidir. Ammo tabiat shakllarini behudadan-behuda shunchaki yozib o’tirmaydi. Qog’ozni, qalamni asraydi, kitobxon vaqtini undan ham. Lekin ba’zida bir jarayon shakli bilan ikki jarayonni tasavvur qildirtiradi. «Ari uyasi kungaboqarday bo’ldi». Xuddi shu xabardan keyingi aksariyat o’quvchi bu ikki dunyodagi shaklan o’xshashlikni sezib qoladi va xotirasida naqshlanadi.
   Ana shunday bir dunyo holatining ikkinchisiga ko’chishi, kattalashishi moddiy olamning hislashishi, hissiyotlarni moddiylashtirilishi Tog’ay Murod so’zi, olami, tasvirini yuza, o’rta chuqur qatlamlarini hosil qiladi. Ham prozaik, ham poetik asar sifatida mutolaa qilishga imkon yaratadi.
El chehrasi chechak bo’ldi, el ko’ngli ko’klam bo’ldi.
Otamiz bahor oraladi.
Otamiz qirlarga sig’may qoldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:26:16
Hikmat aytish shoiru adiblarning hammasiga ham nasib etmaydi. Ko’p adiblar voqea andarmoni, ko’p shoirning chiranishi kayfiyat hayajonidan ortmaydi. Ma’rifat, ibrat sifatida ulardan o’rganish, yurakka naqshlab qo’yish qiyin. Tog’ay Murod nasrida aqllilik qilishni xayoliga keltirmagan kishilarning oddiy gapi gohida hikmatday quyma. Insonga haq yo’lni ko’rsatadi, achchiq, shafqatsiz haqiqatlarni aytishdan qochmaydi. Ana shu fazli bilan yanada qudratli, ta’sirchan, dilbar, qadrdon bo’ladi.
«Erkakmisan — oyog’ida tik turgan erkak bilan olish!» Qanchalik adolatli hakamning gapi.
«O’z asliga tortmagan, o’z aslini unutgan odam odam emas!»
Xo’sh, qanday qilib odam bo’lish mumkin? «Odam bo’laman desangiz, el gapiga parvo qilmang, ammo beparvo-da bo’lmang».
Demak, adabiyot hech narsa o’rgatmaydi, deganlar adashadi. Balki tasvir tanlovi, qahramonlarning rost o’y-xayoliga ko’ra yaxshilikdan dars berishi mumkin. Shunchaki betaraf asar bo’lishi mumkin emas. Tafakkurda betaraflik yo’q. Yo ma’rifat, yo jaholat. Boshi butun donishmand adibgina asl qarashlarni aqllilikni da’vo qilmay ma’lum qiladi. O’quvchisini tarbiya¬laydi. Kitobxonini o’qitadi. Shuning uchun ham Tog’ay Murod qahramonlari donishmand millatdoshlar kabi fikrchan kishilar, ular xayolparast emas, fikri butun odamlar. Olamga, tevarakka to’g’ri, odil, ma’rifatli fikr sochadilar. Bu odamlarning oddiy qiziqishi zamirida inson ustaligi, uning mehnati mo’’jizasi yotibdi. Mana, Ziyodulla  kalning fikriga qarang:  «Birodarlar, yomon gap raketadan tez yuradi, yaxshi gap toshbaqadan sekin yuradi». Shu teran qarashi bilan u dunyoning manaman degan olimlari — raketa ixtirochilaridan ham muhimroq fikr, haqiqatni kashf qiladi. Inson ichkarisidagi tezlik o’lchovi, ya’ni jaholat va ma’rifatning tezligini  adashmay o’lchaydi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:26:28
Ruhshunoslik inson qalbini nihoyatda nozik anglashdir. Tog’ay Murod hikmatlarida ana shu teran ruhshunoslik, pokiza bir ichki ko’z bor.
«Chin gaplar ko’ngilda bo’ladi». Toza ko’ngil haqida bundan oshirib yana nima deyish mumkin? Allohning kalomi haq! Alloh hech narsangizga qaramaydi. Faqatgina qalbingizga qaraydi. Bu  bir-birimizga munosabatda mezon bo’lishi kerak!
«Bo’ydoqning aqli ikki ko’zida bo’ladi».
«Odam umidini yo’qotib tamom bo’ladi».
Tog’ay Murod o’gitlari, hikmatlari ikki dunyo oralab, bu yolg’onchi dunyo hududlaridan-da chiqib ketgan.
«Asl insonning bahosini o’lim beradi». «Bu dunyoga kelding¬mi? Endi yasha. Tishni tishga qo’yib yasha. Mushtni tugib-tugib yasha! Chidab-chidab yasha! Yashashni chidaganga chiqargan. Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»!»
Armonsiz adib, armonli inson Tog’ay Murodni Alloh rahmatiga olgan bo’lsin! Bu millat, bu til bor ekan, qiyomat qadar diydorlashuv, ruhiyat suhbati, yurak gurungi davom etaveradi. Dunyolarda o’lim yo’q. Bir olamdan ikkinchisiga ko’chish bor, xolos. Safaringiz bexatar bo’lsin, Tog’ay aka! Omin!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:27:24
SOBIR  O’NAR

CHINAKAM  USTOZ

   Tog’ay Murod tom ma’nodagi, ya’ni haqiqiy adabiyot talablariga javob bera oladigan chinakam yozuvchi edi. U o’zining ilk qissasi — «Yulduzlar mangu yonadi»dan  boshlaboq o’quvchisini darrov topib oldi. Kitobxonlarni  ohanrabodek tortib ketdi. Ko’pchilik adiblarga nasib bo’lmaydigan bir voqea ro’y berdi: «Xo’sh, Tog’ay Murod endi nima yozarkin?» — degan kutish ishtiyoqi paydo bo’ldi. Aytish kerakki, adibimiz umrining oxirigacha bu yumushni sharaf bilan uddaladi: kutgan o’quvchiga kutilganidan ziyod qissa, roman tortiq etdi.
   Men avvallari o’ylar edim: Tog’ay Murod ham taqlid qilarmikin? Xalqona iboralar, ohangni  birovga o’xshatib yozarmikin? Boshida kimlargadir o’xshatib ham ko’rdim. Yo’q, keyin bilsam, ularda Tog’ay Murodnikichalik  yaxlitlik, butunlik yo’q ekan. Demak"¦
Shuni ham aytish kerakki, garchi qo’lidan yetaklab biror nashriyotga olib bormagan yoki qo’lidan tutib biror narsa yozdirmagan yoki ro’parasiga o’tqazvolib uzundan-uzoq saboqlar bermagan bo’lsa-da, u o’z ijodi bilan bizning tengimiz va undan keyingi avlod ijodkorlariga ham ustozdir.
Birinchidan, jiddiy, sof adabiyotga xiyonat qilmaslikni Tog’ay Muroddan o’rganishimiz kerak.
Ikkinchidan, xalqona, sof o’zbekcha ohangga omuxta ijodni Tog’ay Muroddan o’rganishimiz kerak.
Uchinchidan, pala-partish ijodni kitob qilib chiqarib, nadomatga qolishdan o’zni tiyishni ham Tog’ay Muroddan  o’rganishimiz kerak.
Shu fazilatlarning o’ziyoq ustoz bo’lishga arzigulikdir.
   
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:27:58
BOBOQUL NORQOBUL

«BOLAMNI  HECH KIMGA  BERMAYMAN!»

1996 yilning bahori edi. Men O’zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish agentligida xizmat qilib yurgan kezlarim. Bir kun qabulimga yozuvchi Tog’ay Murod rafiqalari Ma’suma opa hamrohligida shahd bilan kirib keldi. Men ularni kutib olib, taniqli yozuvchimizni nima bezovta qilganini aniqlashga harakat qildim. Kotibaga choy kiritib berishni iltimos qilib, Tog’ay aka bilan hol-ahvol so’rashdim. Tog’ay aka jahlini arang bosib turgani uning savollarimga istar-istamas javob berayotganidan bilinib turardi.
Kotiba choy keltirganidan so’ng, bizga choyni Ma’suma opa quyib berdilar. Ma’suma opa Tog’ay akani jahldan tushirishga harakat qilar va u kishining muammosi aynan shu idorada bitishi mumkinligini qayta-qayta takrorlar edi. Men vaziyatni yumshatish uchun Tog’ay akani gapga solib, u  kishining bugungi ijodi haqida gapirganday bo’ldim. Tog’ay aka baribir ichidagi dardini aytmasa, yengil tortmasligini bildim. Bir piyola choy ichganimizdan so’ng men maqsadga o’tish to’g’risida savol tashladim. Tog’ay aka vazminlik bilan, lekin butun tanasidagi g’urur va shijoatni yashirmay o’z asarlarining qadri to’g’risida gapira boshladi. Men avvaliga muammo nima haqida ekanligini anglay olmadim. U kishi jahon adabiyotining ahamiyati, o’zbek adabiyotini yuksaltirish muammolari to’g’risida gapirib bo’lib, birdaniga «behurmat» bo’lib qolganini va hurmatini joyiga qo’yishni takrorlay boshladi. Tog’ay aka o’ta asabiylashganidan rafiqalari uni tinchlantirishga harakat qilardi.
Men Ma’suma opaga «siz gapiring» ma’nosida imo qildim. Goh Ma’suma opa, goh Tog’ay aka adolat, hurmat, yozuvchi qadr-qimmati haqida gapirar edilar. Xullas, men o’rtaga bir necha marta savol tashlaganimdan so’ng Tog’ay aka qimtinib:
— Uka, tushungan yigitga o’xshaysiz, agarda qo’lingizdan biror ish kelsa, muammoni aytay, bo’lmasa ketganim bo’lsin, — dedi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:28:12
Men u kishiga bu idora aynan mualliflar huquqlarini himoya qilishga ko’maklashishini aytib, o’zimcha u kishiga kafolat berganday bo’ldim. Men o’zimni qancha dadil va bosiq tutishga harakat qilmay, qarshimda yuzlaridan iztirob bilan g’urur taralayotgan, qat’iyatli va chapani kishi o’tirganidan ich-ichimdan hayajonlanardim.
Ma’suma opa bo’lgan voqeani bir boshidan tushuntirishga kirishdi. Ma’lum bo’lishicha, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri rahbarlari Tog’ay akaning «Oydinda yurgan odamlar» qissasini sahnalashtirgan ekan. Men axir yozuvchilarimizning asarlari sahna yuzini ko’rsa, bu yaxshi obro’ olib kelishi mumkinligini aytganimda, Tog’ay aka, «Uka, sizning bolangizni birov o’g’irlab o’ziniki qilib olsa chidaysizmi?» — deb, qaltis savol bilan javob qaytardi. Men o’zimni qo’yarga joy topolmay qoldim.
Suhbatimizga yana Ma’suma opa aralashdi:
— Teatrda asarlari qo’yilgani yaxshi, bugungacha bu kishining asarlari sahnalashtirilgan, film qilingan, yana yangi takliflar ham bo’lyapti. Lekin, uka, Tog’ay akaning kuyunishi boshqa masalada, — dedilar.
Tog’ay aka aybdorlar nomini oshkor qilmasdan:
— Men borlig’imdan ajralib asar yozsam-da, uni kimdir indamay o’ziniki qilib olsa, chidab bo’ladimi, uka, — deb jim bo’lib qoldi. — Instsenirovka qilaman deb asarimni butunlay o’zgartirib yuborishibdi, afishaga o’z ismlarini ham qo’yib olishibdi, ustalar, — dedi bir oz sukutdan so’ng u.
 Keyin menga Muqimiy teatrining pattasini uzatdi. Men yana u kishini savolga tutib, «Aka, asaringiz teatrda qo’yilibdi-ku», deb u kishiga qaradim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:28:26
— Ha, bu yaxshi, lekin alam qiladigani mendan bir og’iz, «Tog’ay aka, shu asaringizni sahnalashtirayotganimizda o’zi¬ngiz qatnashsangiz, u yer-bu yerini o’zgartirishga to’g’ri kelishi mumkin», deb aytishsa  bo’lardi-ku. Men bugun borib teatr rahbarlariga sahnalashtirilgan asarimni qayta namoyish etmasliklarini talab qilmoqchi edim. Agar, uka, bilsangiz edi, qanaqa ahvolga tushmadim, deysiz, hozir to’g’ri o’sha yerdan kel-yapman. Afishadan ma’lum, odamni yerga urishlari.
Tog’ay aka: «Bular asarimni emas, bolamni o’ziniki qilib olishibdi», deganda  ko’zlari yoshlanib ketdi. O’rtaga sukunat tushdi. Hech kim birinchi bo’lib gapirishni xohlamasdi go’yo. Shu orada telefon jiringlab, sukunatni haydaganday bo’ldi. Men telefondagi kishiga qisqa qilib javob qaytarib, Tog’ay akaga qarab, uni o’zimcha yupatgan bo’ldim.
Tog’ay aka keyin voqeani yana bir bor batafsil gapirib berdi. U kishining aytishicha, bir kuni uylariga Muqimiy teatrining bosh rejissyori kelib, Tog’ay akaning «Oydinda yurgan odamlar» qissasini sahnalashtirish rejasi borligi, yozuvchining shunga rozi bo’lishi kerakligini aytib ketgan ekan.
— Uka, men asarimni teatrdagilar shartnomasiz faqat og’zaki gaplarga ko’ra sahnalashtirishadi, deb o’ylamagandim, — dedi kuyunib Tog’ay aka.
Qizig’i shundaki, bari gap uy ostonasida bo’lgan, o’rtada aniq bir to’xtamga kelmasdan, asar sahnaga qo’yib yuborilavergan. Shartnoma haqida gap ham bo’lmagan.
— Mayli, menga mualliflik haqi ham kerak emas, lekin asarimni «instsenirovka» bahonasida to’liq o’zlashtirib olishibdi, mening muallifligim yo’qolib qolibdi, men shunga chiday olmayapman, — titrab ketdi Tog’ay aka. — Alam qiladigani, rozilik-ku olishmadi, shartnoma ham yo’q, uyimga tomoshabin sifatida patta yuborishibdi. Buni qaranglar-a, — Tog’ay aka birmuncha vaqt sukut saqlab turdi-da, so’ng shunday dedi: —  Yangangiz bilan maslahat qilishga shu yerga keldik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:28:42
Men vaziyatni oydinlashtirish uchun Muqimiy teatri rahbarlariga qo’ng’iroq qilib, ushbu holatni ularning o’zlaridan ham tasdiqlatib oldim. Tog’ay akaning barcha aytganlarini ularga yetkazdim. «Biz Tog’ay Muroddan og’zaki bo’lsa-da, rozilik olgandik, endi  u kishi bilan kelisha olmayapmiz, uka, siz ko’ndirib bering iloji bo’lsa», deb telefondan javob qaytarishdi teatr rahbarlari. Men bu nizoli masalani qonun yo’li bilan hal etish kerakligini tushuntirib, telefon go’shagini qo’ydim.
 Shunda Tog’ay aka:
— Men qornimga emas,  orimga yig’layapman, uka, — deb «nima deysan» degandek qarab, qo’lidagi arizasini menga tutqazdi.
 Men Tog’ay akaga bugunoq Madaniyat ishlari vazirligiga xat yozishimni va sahnalashtirilgan bu asarni u bilan yozma shartnoma tuzilmaguncha namoyish etilmasligini   va’da berdim. Tog’ay aka mening tirsagimni mahkam ushlab, shunday dedi:
— Men bolamni hech kimga bermayman.
So’ng xayrlashib, xizmat va uy telefon raqamlarimni yozib oldi-da, Ma’suma opa bilan xonamdan chiqib ketdi.
 Bir kuni Tog’ay akaning uyiga telefon qilib, Madaniyat ishlari vazirligidan javob xati olingani, bu asar shartnomasiz sahnada qo’yilmasligi haqida yozilganini ma’lum qildim. Tog’ay akaning  shodlanib ketganligi  telefonda uning hayajonli ovozidan sezildi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:28:55
— Uka, polvonlarda bir gap bor: «Polvon zotsiz qolsa chidaydi, lekin  orsiz qolsa chidamaydi».
 Men bu gapning ma’nosiga bugun Tog’ay Murod oramizda yo’qligida tushunganday bo’ldim. Yuqoridagi asar yuzasidan bugungacha ham  shartnoma tuzilmadi, asar qaytib sahna yuzini ko’rmadi. Biz Tog’ay aka bilan to umrining oxiriga qadar bayram yoki biror-bir tadbirlar bahonasida qo’ng’iroqlashib, yaxshi kunlar, adabiyot va boshqa narsalar haqida gaplashar edik. Men o’zbekning g’ururga to’la, beg’ubor va qaysar, bir gaplik, o’zini odamlar oldida ko’rsatishdan qochib yuradigan, lekin samimiy, kamsuqum yozuvchisi biz bilan yonma-yon yashab o’tganiga sira ishongim kelmaydi.
Tog’ay  Murodning asarlarini o’qiyotganimda: «Nahotki u odamda shuncha dard bor edi?» — deb, hayron bo’laman. Men Tog’ay akani eslaganimda yoki u kishi haqida gap ochilganda, uning «Bular asarimni emas, bolamni o’ziniki qilib olishibdi», degan so’zlarining qanchalar alam va iztirob bilan aytilgani, uning asarlari bolalariga aylanib qolgani, ijodning noni qanchalar qattiqligiga amin bo’laman. 

 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:29:34
HULKAR TO’YMANOVA

BIR SUHBAT TARIXI

2003 yilning mart oylari oxiri bo’lsa kerak, yozuvchi Tog’ay Murodga sim qoqib, «Bizning «Ma’rifat» gazetamizda «Mehmonxona» sahifasi bor. «Mehmonxona»mizga Sizni taklif qilmoqchi edik», dedim. Telefon go’shagidan uning norozi ohang¬dagi ovozi eshitildi:
— Nima uchun aynan meni taklif qilyapsiz?
Men ham bo’sh kelmadim:
— Chunki siz el nazariga tushgan yozuvchilardansiz.
Tog’ay Murod aka yana ro’yxushlik bermadi: «Men gazetaga ham, radio-televideniega ham intervyu berishni juda yomon ko’raman. Bu menga yoqmaydi».
Xullas, men uni gazetamizga intervyu berishga ko’ndirishim oson bo’lmadi. U kishi Odil Yoqubov, Ibrohim G’afurov, Yolqin To’raqulov kabi elga taniqli shaxslar gazetamizga o’z fikrlarini  bildirganligini indamay tingladi. Bir oz sukutdan so’ng shunday dedi:
— Mayli, sazangiz o’lmasin. Hajmi qancha bo’lsin? Savollar tuzib qo’yibman, deysizmi? Savollaringizni yoqqanini qoldiraman, yoqmaganini o’zgartiraman.
Qalam ahli — shoshqaloq xalq, tezroq ish bitishini istaydi. Juda tixirlik qildim, demayman-u, ikki-uch kun oralatib, Tog’ay akaga qo’ng’iroq qilib turdim. Har safar qo’ng’iroq qilganimda, u kishi: «Yozyapman, savollaringizni bunisi ma’qul, unisini o’zimdan qo’shdim. Ammo hajmi juda katta bo’lib ketayapti», deb qo’yardi. «Mayli, yozavering-chi», deya men ham u kishining shashtini qaytargim kelmas, axir kimsan hech kimga intervyu berishga rozi bo’lmagan Tog’ay Murodni tezroq «Ma’rifat»ga olib chiqib, muxlislarga  ajoyib suhbatni tortiq etish niyatida edim.
Ko’p o’tmay, men hurmatli adibimizdan suhbat matni tayyor bo’lganligi haqida eshitib, uni olib kelishga tayyor ekanligimni aytdim. Ammo adib Matbuotchilar ko’chasiga yaqin joylashgan Adliya vazirligida ham ishi borligini, yo’l-yo’lakay suhbat matnini tashlab o’tishi mumkinligini aytib, meni xotirjam qildi. Men uning va’dasi qanchalik rost yoki yolg’onligini bilmay, to’g’risi, ishonqiramay turardim. Ertasi kuni xizmat telefonim jiringlab qoldi. Go’shakni ko’tardim, tanish ovoz eshitildi. Tog’ay Murod aka uzog’i bilan biror soatlarda gazeta korpusiga borib, meni kutib turishini aytdi. Men hozirgacha hayratdaman, buyuklarning kamtarligini qarang. Men u kishini kutib olish o’rniga, u meni kutib turar ekan.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:30:15
To’g’risi, shunday katta adibni men izlab, topishim, intervyu olish o’rniga, uning o’zi tayyor materialni olib kelishidan xijolatda edim. Shunday bo’lsa-da, suhbat matnining tayyorligidan va u hech qanday tahrirga muhtoj emasligidan go’yoki katta bir o’ljani qo’lga kiritgandek xursand edim.
Matn qo’lyozma holida bo’lib, hajmi mo’ljaldagidan ziyodroq edi. «Mehmon»ga sim qoqib, ikki-uch qog’ozini qisqartirishimiz kerakligini aytib, rozilik so’radim. «Buyog’i o’zingizga havola», deb  qo’ydi u  kishi.
Shunday qilib, men tap-tayyor suhbatni gazetamiz uchun moslab, ko’chirtirdim. Bosh muharririmiz Halim Saidov mehmonimiz Tog’ay Murod ekanini bilib, hayrat bilan so’radi:
— Bunga qanday erishdingiz? Uning hali birorta jurnalistga intervyu berganini eshitmagan edim.
— Bilmasam... Omadim kelib qoldi shekilli. U kishi hozir xalqning mutolaa darajasi, kitobxonlik saviyasi susayib  ketayotganidan qattiq tashvishda ekanlar. Suhbat bahona, bir yozuvchi sifatida ko’ngillaridagi gaplarini to’kib solgilari kelgandir balki, — dedim men. — Matnni ham o’zlari tayyorlab berdilar.
Shunday qilib, gazetamizda 2003 yil 26 aprel kuni «Badiiy mutolaa inson ko’zini ochadi» sarlavhali suhbat bosilib chiqdi. Suhbatdoshim suhbatda boshdan-oyoq kitob mutolaasi insonning borgan sari yuksalib, tafakkuri tiniqlashib, hayotga tayyorgarlik darajasi ham ortib borishini, insonning shaxs sifatida shakllanishiga aynan mutolaa katta turtki bo’lishini singdirgan, buni u bolalik, o’smirlik, yoshlik davrlaridagi voqealar bilan bog’liq holda ifodalagan edi. Suhbatni o’qigan odam Tog’ay Murodning o’ziga xos uslubi xuddi uning qissa-romanlaridagi singari ana shu mo’’jazgina matnda ham yarq etib ko’zga tashlanishini darrov ilg’ab olardi. To’g’risini aytsam, meni xijolatlik tuyg’usi qiynamoqda edi. Chunki odatda men suhbatdoshim bilan suhbatlashib bo’lgach, matnni o’zim tayyorlar va ayrim qahramonlarim istagiga ko’ra bir qo’lidan o’tkazib olardim. Yozuvchi Tog’ay Murod esa matnni o’zi tayyorlagan, suhbat ostida esa kaminaning ismi sharifi turar, demak, qalam haqi ham menga tegishli edi. Men qalam haqini taklif qilganimda, hassos adibimiz keskin rad etdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:30:33
...Nazarimda, oradan hech qancha vaqt o’tmay (suhbat bosilib chiqqanidan roppa-rosa bir oylardan keyin) bir kuni ishga kelib, nimadir yumush bilan gazetamiz bosh muharriri o’rinbosari Abdusamad Rahimovning xonasiga kirsam, to’satdan:
— Tog’ay Murodni eshitdingizmi? — deb qoldi.   
— Yo’q, nima bo’pti? — dedim negadir noxush xabarni sezganday yuragim orqasiga tortib.
— Olamdan o’tibdi.
— A?!
Men bir lahza gangib, unga angrayib qarab qoldim.
Ming taassufki, hozirgina eshitganim shum xabar haqiqat bo’lib chiqdi. Sira ishongisi kelmasdi kishining. Kechagina soppa-sog’ yurgan alpqomat inson... bugun o’limga taslim bo’lgani odamning yuragini tilka-pora qilmoqda edi. Afsuski, bandalikning so’nggi shartini bajo keltirgani rost edi. Endi u bilan uchrashish, suhbat qurish imkoniyatidan barcha yor-do’st va birodarlarining mahrum bo’lganligi ham rost edi. Ana shu rostlik, ana shu haqiqat nishi yuraklarga mahzunlik, sarosarlik, so’ngsiz bir mung olib kirardi...
Rahmatlik adibning ma’rakalarida o’sha so’nggi suhbat ham tilga olindi, hatto uni u kishining rafiqalari Ma’suma opa: «Tarixiy intervyu bo’ldi», deb ataganlarida, ko’nglim tog’day ko’tarildi.
Men yozuvchi Tog’ay Muroddan hech  bir jurnalist ololmagan intervyu muallifi bo’lolganim bilan faxrlanaman. Yuqorida qayd etilganidek, bu suhbat tarixiy voqea sifatida nafaqat kaminaning hayotida, balki adabiy jamoatchilik orasida ham unutilmas voqea bo’lib qoldi. Yaqinda bir xushxabar eshitib qoldim. Aytishlaricha, xuddi shu suhbat Tatariston Respublikasida to’liq matnda «Tatar eli» jurnalida ham chop qilinar ekan... Asarlarida xalqlar do’stligini ulug’lagan, o’zining so’nggi suhbatida ham buni ta’kidlagan yozuvchi ijodiga bo’lgan qardosh xalq e’tirofi bu.
Mening bir inson, suhbatdosh singil sifatidagi Allohdan so’nggi tilagim, asarlarini farzandlarim, deya ulug’lagan adibimizning joylari jannatda bo’lsin, go’ri uzra o’zi bitgan kitoblar nur taratib tursin.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:31:59
MEHRINISO OYDINOVA

MEN BILGAN TOG’AY MUROD

Ilk taassurot

Biz yozuvchining jufti haloli bo’lmish Ma’sumaxonim bilan bir dam tortishib qoldik...
U o’zini mutlaqo unutib, borlig’ini tortiq etgani, har nafas, har onini uning orzu-istaklariyu, uning nigohlari bilan ko’rgani aziz va «zulmkor», sodda va bag’rikeng, to’pori va bir so’zli, mehribon va oqko’ngil, jaydari va qattiqqo’l, mag’rur va jonkuyar, jon-dilidan sevgani, ko’ngil gavhari bo’lmish yozuvchi Tog’ay Murod huzuriga shoshardi... Shoshardi-yu, jufti halolining siyosat ila qay tarzda kutib olmog’ini tasavvur etib, uni kuttirib qo’ygani uchun hisob-kitob berishi lozimligini ta’kidlardi.
... Men esam shu kuni qat’iyat bilan yaqin dugonam bo’lmish Ma’sumaxonim bilan uning ko’ngil sohibi yozuvchi Tog’ay Murod huzuriga yo’l oldim.
Maqsadim — Ma’sumaxonimning ham hech kimnikiga o’xshamagan, o’zigagina xos bo’lgan qalami bor ekanini, u ham erkin inson ekanini, bir fidoyi ayolning bemisl xizmatlarini, o’z ko’ngil sohibiga nisbatan beqiyos jonkuyar va jonfido ekanliklarini ta’kidlab qo’ymoq edi...
Aslida men u bilan bir marta ham ko’rishmagan edim. To’g’risi, biz oilamiz bilan Moskvada yashayotgan kezlarimiz Ma’sumaxon Oliy adabiyot kurslarida tahsil olayotgan turmush o’rtog’i Tog’ay Murodning huzuriga borayotgani va u yerda uchrashishimizni Toshkentdan turib qo’ng’iroq qilib aytgan edi. Men esam ularning to’yida ham ishtirok eta olmaganim uchun shu katta shaharda Tog’ay Murod bilan ko’rishib, tanishib olamiz, degan xayolda edim...
Men kutgan kunlar o’tib ketdi. Yana Toshkentdan Ma’sumaxonim qo’ng’iroq qilib uzr so’radilar, negaki, Moskvada Tog’ay Murod bilan vaqtlari bo’lmay, biznikiga o’tisholmabdi. Xullas, dugonam o’z rejalariyu orzu-o’ylarini jufti haloliga fido etib yashar edi.
Men esam ana shunday o’ylar bilan ikki ijodkorni bag’riga olgan katta adabiyotga e’tiqodlar maskani bo’lgan oshiyonga, Tog’ay Murodlar uyiga bir isyonkor qalb bilan ko’ngildagi so’zlarni shartta aytib ketmoq uchun qat’iyat bilan yo’l olgan edim.
Ma’sumaxonim esa meni yo’ldan qaytara olmadi. U menga nima deyarini bilmasdan lol, yo’lda davom etardi. Nihoyat, biz bu oshiyonga yetib keldik. Eshik tugmasini bosdik...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:32:31
Ichkaridan men kutganchalik qat’iyatli, keskin va serzarda ovoz emas, balki bir oz gunohkorona, muloyim va yoqimli ovoz eshitildi. Yonimda esa ichkaridagi salobatli jufti halolidan hayiqib turgan ma’suma ayol o’rnida esa endi birmuncha dadil ovoz jarangladi:
— Ochmaysizmi eshikni?..
Bir oz turib eshik ochildi... Men uchun mutlaqo kutilmagan manzara sodir bo’ldi. Shiddat bilan kelishlarimda ushoqqina yelkalarga yuklangan katta adabiyotga xizmat qilishday, sahardan shomgacha tinmay yugur-yugurlar bilan birpas tin olmay hali nashriyot, hali gazeta, hali jurnallarga yugurgan, bozorga chopgan, qosh qoraymay uyiga shoshib, oshxonada bir tansiq taomga unnagan, tuni bilan qo’lyozmalarni ko’chirib, soatlab kompyuter qarshisida har so’z, har belgining xato ketmasligi uchun yuragi yaproqday titrab, korrektura qilinishi lozim bo’lgan sahifalar qoshida termulib har lahzasini jon qadar qimmatli bilgan ayolning mehr va mashaqqatlar, quvonchu tashvishlar qorishiq mehnatlari qimmatini eshik ochguvchi insonga pisanda qilib ketmoqchi edim aslida...
Avvalo eshik ortidan eshitilgan ovoz meni bir oz hayron qoldirgan bo’lsa, eshik ochilgandagi qiyofa yanada hayratga soldi. Zero, dastlab qat’iy, marjonday tizilgan zaharolud so’zlarim o’z ahamiyatini yo’qota boshlagan bo’lsa, uy ichidan bizni qarshi olgan baland bo’yli, dovqur inson bir oz sarhush holatda, kumush sochlari nur taratib turganday, beg’ubor, samimiy chehrada ko’z oldimda namoyon bo’lar ekan, bir lahza oldingi shiddatim, aytar so’zlarim tumanday erib, g’oyib bo’ldi.
O’zim ham tushunmagan, bilmagan va anglamagan holatda negadir hazrat Navoiyni yodladim... Keyin bilsam, yozuvchi eng sevgan, e’tiqod qo’ygan insonlardan biri hazrati Alisher Navoiyning siyratlari, suvratlari, siymolari ekan aslida...
Biz javon to’la kitoblar o’ziga ohanraboday tortuvchi mehmonxonada birpas suhbatlashib o’tirdik... Men esam ehtimol Yaratganning o’zi bu insonga bejiz bu ma’sum, jonkuyar jufti halolni ato etmagan ekan, degan xayolga keldim. Demak, Yaratganning o’zi eng ulug’ hikmatlar egasidir. Kitob javonida esa jahonga dovruq taratgan zotlarning kitoblari g’oyat ehtirom ila terib qo’yilgan... Unda Qur’oni Karim,  Navoiy... Pushkin... Jek London... diniy va dunyoviy kitoblar"¦
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:32:59
Telefondagi so’zlashuv

Tog’ay Murod akani ilk uchrashuvgacha sirtdan bilsam-da, o’sha kungi uchrashuvdan so’ng har qalay ko’nglimda bu insonga nisbatan ehtirom uyg’ondi. Oqko’ngil, soddadil va faqatgina o’ziga xos bo’lgan allaqanday ilohiy xislatlarga ega inson...
Shuning uchun ham Ma’sumaxonning katta dunyodan topib borgan har bir gapi xonanishin yozuvchi uchun g’oyat katta ahamiyatga ega ekaniga amin bo’ldim. Har kuni o’nlab kunlik, haftalik nashrlarni kuzatib chiquvchi, har xil ko’rsatuvlar va turli davlatlar teledasturlarini tahlil qilib turuvchi va tinimsiz o’qib-izlanishda bo’lgan yozuvchining nazaridan hech bir narsa chetda qolmas edi. U o’z qahramonlarini kengliklarda topib, har narsani ipidan-ignasigacha o’rganib yozar ekan, hayotdagi har bir narsaga ham  ana shunday jiddiy munosabat ila yondashishi uning o’ziga xos bir xislati ekan, ehtimol...
Gap orasida Ma’sumaxon mening o’sha kungi tashrifim va uchrashuvdan so’nggi munosabatlarim haqida aytib bergan shekilli, rafiqasiga bildirmasdan, telefon daftarchalaridan uy telefon nomerimizni topib, uyimizga qo’ng’iroq qilibdilar...
U telefonda Ma’sumaxonning o’z hayotida tutgan o’rni haqida shu qadar samimiy so’zlar aytdiki, mening bir hayratimga o’n hayrat qo’shildi. Uning mardona aytgan so’zlari hamon qulog’im ostida yangraydi:
«Men Ma’sumasiz hech kimman. Meni shu darajaga yetkazgan uning kechani kecha, kunduzni kunduz demay, yelib-yugurib qilgan xizmatlari... Men uning xizmatlarini bilmasam insofdan emas...»
Xullas, juda uzoq so’zladilar.
So’zlari judayam samimiy, sodda, jaydari... Har bir so’zida rostgo’y yurakning, bir so’zli insonning faqat o’zigagina xos, o’z jufti haloliga atalgan, ehtimol ayoliga hech ham aytmagan mehr va muhabbat so’zlari, ko’ngil izhorlari bor edi... Bir mag’rur insonning bu e’tiroflarini qani edi Ma’sumaning o’zi o’z quloqlari bilan eshitsa edi, degan xayol o’tdi ko’nglimdan...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:33:27
Yana bir diydor

Bir dam olish kunida bir-biriga suyanib yashayotgan ijodkor insonlarni ziyorat qilmoq uchun ehtiromli yozuvchi huzuriga shirin tilli jiyancham Shavkatjon va singlim  Mukarram  bilan kutilmaganda kirib bordik.
 Ularning boshlari osmonga yetdi. Bizni samimiy mehmon qilishdi. Yozuvchi fotoalbomini olib chiqdi. Albomdagi har bir insonni alohida mehr bilan tanishtirib, ta’riflab chiqdi. Ayniqsa, onaizorini, jiyanlarini nomma-nom ko’rsatdi. Yoru do’stlari, sinfdoshlarining suratlarini ta’rifladi. Yolg’iz singlisi Orzigulni  mehribon, ajoyib singlim bor, deya maqtadi...
To’yda tushgan suratlarini ko’rsatarkan, bolalarday, Ma’sumani «Bachuma», dedi. Suhbatimiz g’oyat ko’ngilli kechdi.
So’ng xayrlashib, uyga yo’l olar ekanmiz, uy kiyimida bizni kuzatgani yo’lga chiqdi. Boshlarida esa erta tong yugurishda kiyadigan sport qalpog’i...
Yomg’ir shivalab turgandi. Qorong’i tushib qolgan. Biz metro tarafga borar ekanmiz, «Darxon» qahvaxonasi yonidan o’tdik. U yerda to’y bo’layotgan ekan shekilli, bashang kiyingan odamlar mehmon kutmoqda edilar. Yozuvchimiz jimgina biz bilan o’tib ketdilar-u, keyin bolalarday quvonib: «Yaxshi, yaxshi, hammasi oddiy, oddiy odamlar ekan», deya takrorladilar. Qayta-qayta takrorladilar bu so’zni bolalarday quvonib: «Yaxshi, oddiy, oddiy odamlar ekan...»
Ularning aytgan mana shu so’zlarida bu bashang odamlar — oddiy, juda oddiy odamlar (bu odamlar bashang bo’lsalar-da, hech kim emaslar), ular yaxshiyam  yozuvchini uy kiyimida tanib qolmaganligiga bolalarcha bir quvonch, ishora bor edi.
Ular biz bilan metro yaqinida iliq xayrlashdilar. Metro tomon yurar ekanmiz, men beixtiyor orqamga qaradim. Yozuvchi Ma’suma bilan rahmat yomg’irlari yog’ayotgan, neon chiroqlari porlab turgan muborak kechada ohista ketmoqda edilar. 
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:34:21
DILFUZA SHOMALIKOVA

TAQDIRGA AYLANAR SO’ZLAR  


Yozilgan har bir so’z taqdirga aylanadi, deydi ulug’lar...

Talabalikning ilk yili. Hamkurslarning bir guruhi she’r¬larni yoddan aytsa, yana bir guruhi bo’lardiki... nasrni nazmdan-da ziyoda yod olardi. Xayriddin Sultonov, Murod Muhammad Do’st, Tog’ay Murod asarlari... Ularni yosh ko’nglimiz ulug’ bildi, asarlarini aziz. Bu ijodkorlar bilan bo’ladigan uchrashuv kechalari orzular edi...
Shunday kunlarning birida yozuvchi Tog’ay Murod opamizga «odam qo’ydi». To’y kuni belgilanib, «xarajat» degan urfga binoan opamiz yonida turish ham sharaf, ham o’ng’aysiz bir holat bo’ldi. Krasnogorsk shahrida uchrashuvga shoshdik. Kutib qoldi, degan o’y xijolati bilan bekatga yaqinlashganimizda polvonkelbat yigit qisqagina salom-alikdan so’ng, bu qishloqda otlarning turli zotlari ko’p ekanligini ta’kidlab, ularni nomlay ketdi. Shu payt otlar poygaga tizilgandek  birin-ketin o’ta boshladi.
— Agar otning peshonasida qashqasi bo’lsa, ... qornida bo’lsa... old oyog’ida bo’lsa... orqa oyog’ida bo’lsa... yoli, rangi, xullasi, otlarning ta’rifini eshitib bo’lganimizda kiyim do’koni allaqachon tushlikka chiqib, «xarajat»dan «bexarajat» qayt¬gandik...

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:35:06
* * *

Ko’ngildan o’tganni ko’nglidan o’tganlar tushunadi, deydilar. Tog’ay Murodning «Oydinda yurgan odamlar» degan asari ana shunday ko’nglidan o’tkazib, o’z qismati haqida yozilgan bashorat ekanligini qaydan bilibmiz, uning iztiroblari, Qop¬lonbekning iztiroblari bilan hamohangmidi yo... Kim biladi deysiz, taqdirning siylov va sinovlarini... bu haqda so’ylamoq mahol, so’z aytmoq undan-da og’ir...

                                     
        * * *
To’ylaridan so’ng yarim yildan ko’proq vaqt musofirchilik tufayli Tog’ay Murod oilasi bilan hamxona yashaganimizda ularning ijod qilishi, lug’at bilan ishlashlari, sport bilan shug’ullanishlari, tirik yozuvchining izlanishlaridan boshqa bir dunyoni kashf etgandek edim.

* * *

El  nazariga tushgan Tog’ay Murod Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining Oliy adabiyot kurslarida tahsil olayotgan kezlar, sayohat bahona ulardan xabar oldik...  Jahon adabiyotining durdona kitoblarini xarid qilganini aytdi, ularni ko’rsatdi. Suhbat yakuniga borib-bormay, kiyim do’konini so’raganimizdan pushaymon bo’ldik. Ular, ilm kishisi poytaxtga o’qishga-o’rganishga keladi, xo’pmi, dedi. Asl kitob do’konlari qaerlarda borligini aytdi. Teatrga tushish, muzeylarga albatta borish kerakligini uqtirdi.
Qaytayotganimizda esa bir dunyo kitoblarini ehtiyotlab, avaylab olib ketishimizni aytdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:35:43
* * *    
 
                                 
Har kimning o’z dunyosi bo’ladi...
Har dunyoning o’z gavharlari bo’ladiki... kishi uning qadriga yo’qotganda yetadi. Yo’qotganda aziz bo’ladi... Izlarini izlasak-da, kech bo’ladi... Izlarning ortga qaytgani bir yomon bo’ladi, bir yomon bo’ladi...

* * *

Tog’ay Murod adib bo’lib tilga tushdi. U adib bo’lib dilga tushdi. Ammo dilini og’ritgan, asarini beso’roq sahnaga qo’yayotgan teatrlarga asarlarini qo’yishga ijozat bermadi. Ko’ngli bilan hisoblashgan ijodkorlar esa asarlarini teatrga olib chiqdi, film  ishladi...
So’zni gavhardek aziz qilgan adib bilan suhbatlashish har kimga-da nasib etmasdi. Ruxsat so’rash befoyda edi... Shunda   bir yo’liga o’tdik, o’zidan eshitganlarimizni hazil yo’sinida Tog’ay Murod yo’lida bitdik-da, tug’ilgan kuni arafasida «Fevralda pishgan uzum» sarlavhasi bilan «Ko’zgu» gazetasining 1997 yil fevral sonida chop ettirdik:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:36:10
Fevralda pishgan uzum

O’zbekning ko’ksi tog’ o’ldi, ko’ngli bog’ o’ldi. Ko’kragiga shamol tegdi. Shamolni esdirgan o’g’illar bo’ldi. Shoirlar aytar, yozuvchilar davr qo’ng’iroqlaridir. Qo’ng’iroqlar jarang-jurung qilib, elni uyg’otdi. Bundan qirqmi, qirq besh yillar oldin qiziq voqea bo’ldi: fevralning boshida uzum pishdi. Bu gapning rost-yolg’onligiga xudo poshsho. Lekin Tog’ay Murodning fevralda tug’ilgani ham, uzum pishganda tug’ilgani ham rost. Do’stlarining aytishicha, boshpurtida fevral. O’zining gapi: «Menga enam surxa pishganda tug’ilgansan», deydi.
Qaysi biri rostligini bilmadigu, lekin Tog’ay Murod adabiyotimizning bir baxti ekanligi haqiqat. Qo’ng’iroqlarning jarangdorlaridan biri ham u. Tog’ay Murod bo’lib ot kishnagan oqshomlarda ko’ngillarni bir qo’shiq zabt etdi. Bu qo’shiq o’zbekning qulog’iga: «Sen o’zbeksan», degan azonday eshitildi. O’zligini anglagan el otasidan qolgan dalalarini sog’indi. Tog’ay Murodning kitobini o’qib bir quvondi, kuldi, bir o’ksidi, yig’ladi.
Tog’ay Murodga Oybek mukofoti berildi. U jim. Abdulla Qodiriy mukofoti berildi. Yozuvchi biror narsa demadi. Nihoyat, bir jurnalist savol berishga jazm etdi: «Biror gap ayting?» Eshitgani shu bo’ldi: «Abdulla Qodiriy oldida men kimman? Intervyu bermayman». Jurnalist yelkasini qisib qo’yaqoldi. Ko’nglidan ko’p gaplar o’tdi. U demoqchi edi: «Siz Qodiriyning munosib shogirdisiz. Har bir inson, har bir ijodkor o’z darajasini bilmog’i va shunga ko’ra harakat qilmog’i lozim». Lekin qaysarlik... Bu ham inson uchun, adib uchun yot tushuncha emas. Ana shunday xususiyatli odamlar boshqalarga nisbatan o’z maqsadi yo’lida ko’proq kurashadilar.
Bizning ham yozuvchiga savollarimiz ko’p edi. Lekin javob ololmasligimizni o’ylab, indamay qo’ya qoldik. Birgina istagimiz, Tog’ay Murodning yangi romani — «Bu -dunyoda o’lib bo’lmaydi»ni tezroq mushtariylarimiz bilan mutolaa qilish nasib qilsin! Sizni ijodiy o’jarlik tark etmasin!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:36:49
* * *

Ushbu gazetani yozuvchiga yetkazdik. O’qib jiddiy chehrasiga tabassum yoyilganini eshitib, bir quvondik, bir quvondik...
Yillar o’tib, arxivlari orasiga aziz qilib, avaylab olib qo’yilgan gazetani ko’rganimizda ko’nglimiz to’lib, ko’zlarimiz namlandi. Odamzot qanday fe’l-atvor egasi bo’lishidan qat’iy nazar, uning «tosh» ko’nglini eritadigan yo’l topmoq, so’z aytmoq ikki karra savobdir...
Har ko’ngilning o’z yo’li — o’z ochilar eshiklari bo’ladiki, unga faqatgina xokisor ko’ngil bilan yo’l solinadi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:37:17
«Enamning suratini ehtiyotlang»

—  Enamning suratini ehtiyot qiling, — degandi Tog’ay Murod.
U shoir bo’laman, dedi. Xalqining ko’nglidagini topib-topib aytdi. Qator-qator kitoblar bitdi. O’quvchilari serob-serob bo’ldi.
Maqsadi kitob o’qimoq, yozmoq bo’ldi. Davralardan olis-olis yurdi, dardlarini to’lib-to’kib bitdi.
Eliga iste’dodli bir ijodkor bo’lib tanildi. Katta doiralarni, uchrashuvlarni xohlamadi, ijodi haqida biror muxbirga so’z aytishni ko’ngli buyurmadi. U ko’ngil kishisi edi, undan narisi shoirga yot edi..
Ammo bundan o’n  uch yil avval yozuvchiga onasining surati bilan jurnalga bermoqchiligimizni, onasi nomidan bir so’z yozish kerakligini aytganimizda, jimib qoldi. O’ychan, keskir chehrasiga, ko’zlariga yorug’lik yugurdi:
—  Xo’-o’-o’sh, —  dedi, — to’rt-besh kundan keyin qo’ng’iroq qiling.
Yozuvchining rozinamo so’zlaridan quvonib, natijani kutdik. Aytilgan muddatdagi qo’ng’irog’imizga «kelavering», degan javobni olganimizda quvonib huzuriga shoshildik.
Tog’ay Murod onasining duosi yozilgan qog’ozni uzatarkan, «Enamning nomidan yozish qiyin ekan, bir nechta kitoblarni o’qib, keyingina yozdim... Enam bundan ziyoda duo qiladi, men unday tushirolmadim», deya qog’oz uzatdi. Unda shular yozilgandi:
«Iloyim, o’zbaki poshikasta-ayollari... qozoni o’tdan tushmasin, suprasidan non arimasin, tuz-taomlik bo’lsin, qut-barakotlik bo’lsin, oydin yo’llik bo’lsin, olchaday gullik bo’lsin, tamal-toshlik bo’lsin, toj-taxtlik bo’lsin, oftobday nurlik bo’lsin, Muhammad payg’ambar yoshini ko’rsin, baxt-iqboli qosh-kipriklari orasida bo’lsin, Ozodlik gashtini suyub-suyub tuysin, qonib-qonib tuysin, iloyim!»
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:37:31
So’ng yozuvchimiz oppoq qog’ozga o’ralgan narsani tutqazarkan, «Enamning suratini ehtiyotlab qaytaring», dedi...
Biz surat va jurnalni qaytarganimizda, Tog’ay Murodning qo’polroq degan jismi joni bolaga aylangandek bo’ldi.
—  Enam-m,  — dedi zalvor bilan. — Bir xursand bo’ldi... bir xursand bo’ldi...
Yillar o’tib, Tog’ay Murod nihoyatda asrab-avaylab olib qo’ygan surat va jurnal ko’zimizga nurdek ko’rindi.
O’g’lining shoir (yozuvchi) bo’lishini orzulagan Tojixol momo shoir bolasini siz-sizlar, senlashni ep bilmasdi o’ziga. To’pori bir ijodkorning onasiga hurmati, onaning o’g’liga muhabbati ko’z  ilg’amas ipday nozik mehr zanjiri Tog’ay Murodni baxshiyona ijodkor qildi. Ona va o’g’il munosabati... Unga qo’shilib, qo’shib bo’larmikan? Ular haqda kimdir topib aytdi, kimdir...
Axir ona va o’g’il munosabatini, pinhona iztirobu quvonch¬larini his qilish nimaligini har kim ham anglayveribdimi?..
Ko’ngil... uning tubidagi gavhardek aziz onalar go’shasini ziyorat qilmoq, tavof aylamoq, suvrat va siyratlarini-da asrab-avaylamoq, ko’zga surtmoq saodatdir.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:37:56
* * *

Tog’ay Murod juda qaysar, o’zi aytmoqchi, chars fe’l-atvor egasi bo’lsa-da, boladek beg’ubor, boladek ishonuvchan edi. 2003 yil 4 yanvar kuni poytaxtning Markaziy univermagi oldida xomush tortgan Tog’ay akani uchratdik.
 — Kishini ayoli uyda bo’lmasa shu-da, — dedi asabiy (ayoli kasalxonada edi). — Bir yaxshi kunimga yaraydi deb, 100 dollar olib qo’ygandim. Oloy bozorida «maydalatmoqchi» bo’lsam, tez-tez bo’ling, deb dallol bola pul tutqazdi. Bunday o’tib qarasam... buni qarang... — ikki tarafi va belbog’ida ming so’mlik qo’yilgan pul taxlamining o’rtasi tartib bilan qirqilgan to’la qog’oz edi... — Qaytib borib uni topsam o’ldirardim, o’zbekning bir yozuvchisi qamalardi-ketardi...
Shunda uning qo’liga mahkam ushlab olgan kattakon toshga ko’zimiz tushdi.
Muhtojlikdan ko’ra ishonch ko’ylagidagi yolg’on, aldov adibning betizgin xayollari aro yo’lda qolgan yo’lovchiga o’xshardiki, or-nomus va adolatsizlik iztirobi adib dunyosini qorong’i qilgandi. Topganim degani — sarobligi, yana uni aldaganliklari, ha, ha, yosh boladay aldaganliklari ko’ngliga tinchlik bermasdi.
...Tog’ay Murod ko’nglidan o’tganlarini san’atkorona qog’ozga tushirayotib, har bir asarida taqdirining yozmishlarini bitganga o’xshardi.
Adibning «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» bosh qahramoni Botir firqa shunday deydi: «Ana, meni-da onam keldi. Onam: kuning qaytdi, deyapti. Ketar vaqting bo’ldi, deyapti. Kuning to’ldi, deyapti...»   
Kitob chop qilingach, oradan yillar o’tadi. Bir kun u aytadi, oqshom ko’rgan tushini aytadi: «Enam chaqiryapti...»
Hayot goho haq, goho nohaq tortishuvlarga to’la bir dunyoki, kurashlarda kishi ko’nglidagini kimgadir to’kkisi keladi, o’ylaganlarini u poyoniga yetkazadigandek ishonadi. 1993 yillar... Jahl otiga mingan Tog’ay Murod kaftidagi yozuvni ko’rsatdi:
«Chig’atoy mozoriga munosibman».
— Qo’ying, hali u haqda o’ylamang, — dedik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:38:30
* * *

Yillar o’tdi. 2003 yilning boshlarida yana shu gapni ko’p-ko’p aytdi va bu qarz gapligini takrorladi...
...Tog’ay Murod niyati ijobat bo’ldi.

 * * * 
   

                               
O’ylanib qolaman. Tog’ay Murod «Oydinda yurgan odamlar» qissasida yozadi: «"¦kutib-kutib yashaydi... ko’ngil mevasini izlaydi», deya yozadi.
Darhaqiqat, adib ko’ngli bir mevani izladi, uzoq-uzoq izladi, kutib-kutib izladi. Izlagani ko’ngillarga iz soladigan asarlari bo’ldi. Asarlari yozuvchining yuzi bo’ldi, so’zi bo’ldi. Farzandday aziz ko’ngil mevalarini ko’ngillarga solib ketdi Tog’ay Murod.
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:39:12
CHORI  NURULLAEV

MENING HAMQISHLOG’IM



Ana shu fikrdan hamisha ko’nglim faxr-iftixor tuyg’ulariga to’ladi. Ha, men mashhur adib bilan hamqishloq ekanligimdan, bir paytlar unga ukaday yaqin bo’lib qolganimdan faxr¬lanaman! Hamqishlog’imiz xalq  yozuvchisi  Tog’ay Murod kindikday mittigina  Xo’jasoat qishlog’imizni, qolaversa, butun Surxon vohasini «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» kabi  o’lmas, betakror qissalarida san’atkorona tasvirlab, olamga tanitdi. Ana shu elimizni olamga tanitishday faxr tuyg’usi Tog’ay  akani   ko’z oldimda   yuksaklarga  ko’tardi.
Tog’ay aka bilan bir qishloqdan bo’lsak-da, u bilan Toshkentga  kelib  tanishdim, yaqin bo’ldim. Mendan ilgari Nazar akam Toshkentga o’qishga kelgan, Tog’ay  aka bilan yaqin edi. Men yozuvchi Tog’ay Murod  bilan tanishishimga xo’jasoatcha tok-vayish, tokso’ri sabab bo’lgan desam, balki bu gap g’alati tuyular.
Bir kuni akam Tog’ay aka bizni uyiga hasharga aytdi, deb  qoldi. Bir dam olish kuni ikki-uch bola  bo’lib, Tog’ay akanikiga hasharga keldik. Albatta, bu gaplar birovga qiziq tuyulmasligi mumkin. Lekin meni hayron qoldirgani  shu ediki,  o’zi  katta yozuvchiligiga qaramasdan besh qavatli uyning birinchi qavatida yashaydigan Tog’ay aka qora mehnatdan qochmay, uy atrofini tosh-shag’allardan erinmay tozalabdi, obod qilibdi. Yana deng, har tong yaqinlaridagi «Dinamo» stadionida yugurib, badantarbiya mashqlari bilan shug’ullanadigan Tog’ay aka qaytishida stadionning har tomonida sochilib yotgan temir-tersaklarni olib kelib, uyi oldiga taxlab qo’yibdi. Biz kalta-kulta temirlarni ko’rib, ajablandik, odatda, balandga so’ri qilinajak temirlar uzun-uzun bo’lardi-da! Biz Tog’ay akaga buni aytib o’tirmadik — xafa qilgimiz kelmadi. Chunki uning ko’ngli nozik, salga dili ranjib qoladigan tabiati bor edi. Biz qo’ldan kelgancha shu temirlarni bir-biriga ulab, payvand qilib, so’ri ko’tardik. Ana shunda Tog’ay akaning xursandligini ko’ring. Xuddi otasi o’ziyurar kattakon o’yinchoq mashina olib berganidan quvonchi ichiga sig’magan yosh boladay quvonardi. U  qo’llarini bir-biriga ishqab: «Ana... ana! Qoyil, yigitlar, qoyil!» — derdi. Ha, hamyurtimiz bo’lgan katta yozuvchi Tog’ay Murod ana shunday bolamisol ko’ngli beg’ubor edi. Biz  Tog’ay akaning ko’nglini ololganimizdan xursand edik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:39:47
Bir kuni Tog’ay akanikiga borganimda biz bir paytlar yasab bergan tokso’riga ko’zim tushdi. Tog’ay Murod mehr bilan ekkan toklar barq urib o’sib, gullab-yashnab, so’rini bezab turibdi...  Shu o’rinda bir gapni aytish kerak: Tog’ay aka hammani ham uyi¬ga kiritavermas, hamma bilan ham gaplashib ketavermas edi. U iqi suygan odam bilan gaplashardi. Shuning uchun bir tuyg’u ko’nglimni yoritib turadi: eshik qo’ng’irog’i jiringlasa, yangaga: «Agar Chori bo’lsa, kirsin», derkan.
Har  borganimda Tog’ay aka qishloqdagilarni, yaqinlarini, ayniqsa, tog’asini so’rar, yana qanday yangiliklar borligini bilishni dildan istardi. Ana shunda men uning shaharda doimo¬  o’zi tug’ilib-o’sgan qishlog’ini qo’msab, sog’inch bilan yashayotganini sezardim. Ana shunda uning katta yozuvchilarga xos, ijodkorona xayollar og’ushida yashashini, qishlog’ining samimiy odamlari bilan dildan suhbat qurgisi kelayotganini sezish mumkin.
Bir kuni Tog’ay aka qo’ng’iroq qilib qoldi. U mashina olar bo’libdi. «Shuni olish kerak, — deydi. — Shu mashinani sizlar oling¬lar. Mendan sizlarga sovg’a», — deydi. Biz akam bilan iymanib, albatta, «yo’q», dedik.Tog’ay aka esa: «Men axir mashina minishni bilmayman. Olmasanglar, sotaman», dedi. Xullas, mashina sotildi. Mashina sotish hangomasi qiziq, pulini bankka qo’yib, hiyla-ustalik nimaligini bilmagan Tog’ay akaning anoyiligi undan-da qiziq!
Vaqtlar o’tib, yangi mashina sotgan Tog’ay aka uning puliga bir ko’ylak ham ololmaydi. Lekin mashina olganligi quvonchi ko’nglida qoladi. Ha, u hayotning oddiy, mayda quvonchlaridan ham katta zavq olib, go’dakday shodlana oladigan nihoyatda samimiy, toza qalbli inson edi.
Yana bir kuni uyimiz telefoni jiringlab qoldi: Tog’ay aka ekan. Tez yetib kel, deydi. Bilsam, Tog’ay aka Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo’libdi. Shu kuni quvonganlarimiz"¦
Men nafaqat xalq ko’ngliga kira olgan, katta yozuvchi bo’lgan hamyurtim bilan, balki behad tozako’ngil, katta qalb egasi bo’lgan inson bilan yaqin bo’lganimdan hamisha faxrlanaman.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:40:55
BOIR  XOLMIRZAEV


SABOQ

San’at olamida ming to’qqiz yuz yetmish sakkizinchi yildan buyon xizmatdaman. Aynan musiqali drama teatrida ishlay boshlaganimga ana shuncha yil bo’libdi... Ozmi-ko’pmi oq-qoraning farqiga boradigan paytimizda men bir yozuvchi bilan oshno bo’ldim. U Tog’ay Murod bo’ldi. Ijodiy diapazonda meni eng ko’p to’lqinlantirgan, qalbimni larzaga solib, qalqitgan asar haqida gap ketganda, men, avvalo, u kishini tilga olib, uning «Oydinda yurgan odamlar» qissasini ayta boshladim. Boisi...
O’zi, aslini olgandayam Tog’ay Murod bilan g’oyibona tanishishimga shu asar sababchi bo’lgan ekan.
Teatrda ishlab yurgan kezlarimda bir hamkasbim mana shu qissaning yaqin-orada spektakl qilinishini aytib  qoldi va menga uni bir o’qib chiqishni tavsiya qildi. Uning o’zi o’qib, hatto kasal bo’lib qolgani, asar juda baquvvat ildizga ega ekanini aytganida, unchalik ishonmagan edim. O’qigandan so’ng esa... tan berdim! Ha, men hali shuncha yildan beri o’zbek adabiyotida bunday asarni o’qimagan edim.
Qissani mutolaa qilar ekanman, har safar yozuvchi Said Ahmadning  so’zlari esimga tushaveradi. U kishi zap ta’rif bergan-da: «Tog’ay Murod qissa bitmaydi, nazarimda bor ovozi bilan qo’shiq aytadi. Bu qo’shiqlarda avj pardalar bor, nolishlar bor, savt bor». Men esa bunga yana nimadir  qo’shgan bo’lardim. Ba’zan ko’ngil juda orziqib, yuraklar hapriqib ketadigan paytlar bo’ladi. Bo’g’zingga bir narsa tiqilaveradi. Tog’ay Murod ana shunday bor vujudi bilan qo’shiq aytgan odam... Vujudidan o’rtanib, o’kirib-o’kirib  qo’shiq   aytgan inson. Uning qo’shiqlarini yuragi bor odam borki, vujudi bilan tinglaydi. Men xuddi shundan juda ta’sirlanganman.
Tog’ay Murod qanday asar bitmasin, o’zbek dardini, uning quvonch-g’amini o’zbekona tasvirlay olgan adibimiz bo’lib qolaveradi. Bilamizki, Abdulla Qodiriyning o’z uslubi bor. Agar asarlarini o’qisangiz, bu Abdulla Qodiriyniki, deysiz. Abdulla Qahhorning  ham o’z uslubi bor. Bir o’qishdan o’sha asarni Qahhorniki ekanini bilib olishingiz mumkin. Tog’ay Murod ham o’z uslubini yaratdi!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:41:42
Adabiyotda o’ziga xos, yangi uslubga ega bo’lish hazil gap emas. Bu  o’ta  katta yangilik. Tog’ay aka shu paytga qadar hech kim yoza olmagan, hatto yozish yetti uxlab tushiga kirmagan uslub yaratdi. Kamyob uslub kashf etdi. Bu  — yutuq!
Men nuqta bilan yozgan, shu tinish belgisidan bu qadar mohirona foydalangan yozuvchini hali uchratganim yo’q! Qarang, u qanday san’atkorona gaplar tuzgan: «Bobomiz qaradilar. Nuqta. Qaradilar. Nuqta». Qarang, agar matndan kelib chiqsak, mana shu joyda odamning  ko’ngli yumshab ketadi. «Bobomiz uzoq  qaradilar», deydi yozuvchi. «Bobomiz qo’l siltadilar», deydi. Shu desangiz, «qo’l siltamoq» ibora — birikmasini hech qaysi adib bu tarzda ishlatishga jur’at qila olmagan! Qo’l siltash — bu keng qamrovli tushuncha. Bu  ibora  tag-zamirida gap ko’p. Bu genial fikr.
O’zbek sevaman, yonaman, yur, boqqa boramiz, demaydi. O’zbek  Qoplon va Oymomo kabi sevishadi, ulardayin bir-biriga bog’lanib sevishadi. Bir-biri bilan ruhan qovushib ketadi. Ular ustoz Said Ahmad aytganidek, «yo’q  farzandning momosi, yo’q bolaning bobosi» bo’lib yashadilar. Ular o’zbeklarda eng muqaddas ma’vo — oila tushunchasiga xiyonat qilmaydi, yengil-elpi yashashga, bo’lar-bo’lmas sabablar bilan oila buzilishiga yo’l qo’ymaydi! Asosiysi, bir-birini tushunib yashaydi. Umid bilan kun ko’radi. Chunki ular bir-birini sevadi. Mana buni haqiqiy sevgi deydilar! Momosi o’lgandan keyin bobosining unga aytgan gapini eslaylik: «Momosi, bizning zardolilar g’arq pishdi. Bolalar devordan oshib zardolilar shoxiga chiqib qorinlari to’yguncha yeyapti. Qo’yinlariga solib ketishayapti. Eshitayapsanmi, momosi, bizning zardolilarni bolalar yeyishayapti!»
 Shu jumladan keyin uchta nuqta qo’yilgan. Qissaning shu joyini oddiygina qilib gapirib ham, o’qib ham bo’lmaydi. Buning ma’nosini har kim  ham tushunavermaydi, shunga alaming keladi kishi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:41:57
Lekin buni oddiygina qilib bola-chaqaga munosabat, deb ayta olmaymiz. Bu —  kelajak avlodga munosabat. Katta ajdodlarimizning o’z avlodiga bo’lgan munosabati.
«Oydinda  yurgan odamlar» qissasidagi bo’zbola tasviri yodingizdami?
«U mijozi xush ko’rmish odamlar bilan salom-alik qiladi. Bordi-keldi qiladi.Chin dildan gapirishadi, ochilib gurunglashadi. Ko’ngliga o’tirmaganlar bilan salomlashgisi kelmaydi!
Shunda u tizzalarini quchoqlaydi. Olis-olislarga — Bobotoqqa termulib-termulib aytadi: «Chin gaplar ko’ngilda bo’ladi. Tilga chiqsa, yolg’on bo’ladi-qoladi».
Qarang, «Chin gaplar ko’ngilda bo’ladi, tilga chiqsa, yolg’on bo’ladi-qoladi», deyapti. Mana, hayotiy mushohadayu baquvvat falsafa! Bunga har kim ham amal qila olmaydi.  Darvoqe, o’sha bo’zbolaning o’zi... Tog’ay Murod! Ha, men shunday deb bilaman.
«Oydinda yurgan odamlar» qissasi qahramoni — Bobomizning xudoga zorlangan joylari bor:
«Ey, xudo, esimni taniganimdan buyon xudoga sig’inib keldim, xudoga topinib keldim, xudoga ishonib keldim. Shunday ekan, har ne qilsang qil, pushtikamarli qil-da, ey, xudo! Dunyodan necha-necha podsholar o’tdi, necha-necha hokimlar o’tdi, necha-necha kattalar o’tdi... Pushtsiz umrim mobaynida ko’p-ko’p podsholardan qaytdim, ko’p-ko’p kattalardan qaytdim... Ammo yolg’iz sendan qaytmadim, ey, xudo! Dilimda-da xudo bo’ldi, tilimda-da xudo bo’ldi.
Bandalaring qay bir podsholarga sig’inmadi. Bandalaring nimalarga sig’inmadi, bandalaring nimalarga topinmadi... Bandalaring dinidan qaytdi, bandalaring xudosidan qaytdi, bandalaring imonidan qaytdi. Sen aynan ana shu bandalaringni zurriyotli qilib yaratding, ey, xudo! Ojiz qolmishlarimda, chor-nochor qolmishlarimda, xokisor qolmishlarimda:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:42:14
— Ey, xudo, o’zing saqla! Ey, xudo, o’zing madad ber! — dedim. Aslo, aslo:
— Ey, partiya, o’zing saqla... Ey, komsomol, o’zing madad ber! — demadim.
Ammo shunday deguvchilar ko’p bo’ldi! Bandalaring shu darajaga-da bordi! Sen kelib-kelib ana shu bandalaringni zurriyotli qilib yaratding, ey, xudo».
Farzand — hamma millatning mentalitetida bor. Bizda farzandga nisbatan «qolajak jonim, oqayotgan qonim, davomchim»,  deb qaraladi. Tog’ay Murod, shu, farzandsizlikni — o’zbekning «kichkina» bir dardini katta maydonga olib chiqdi. Qissada insoniyat taqdirida mavjud umuminsoniy muammo — farzandsizlik, sevgi tilga olingan. Buni bir so’z bilan «tilga olingan», deb aytolmaymiz. Shu umuminsoniy muammolarning Tog’ay Murodona bitilishi qissaga beqiyos mazmun va umr¬boqiylikni tamg’a qilib bosdi.
Haqiqatan ham, bu asarni, boya aytganimdek, kasal bo’lmasdan o’qib bo’lmas ekan. Men kasal bo’ldim. Tog’ay akani tushunib o’qish kerak. Biz buyuklarni buyuk deymizmi? Aslida esa Tog’ay akadek yozuvchi haqiqatan buyuk. Men buni  doim ich-ichimdan his qilaman. Chunki u insoniy huzur-halovatdan  kechib, faqatgina adabiyot uchun yashab o’tdi. Shuning o’ziga haykal qo’yish kerak! U —  adabiyotni bola-chaqadan,  bu dunyo hoyu havaslaridan ustun qo’ygan adib!
Bundan besh-olti yil muqaddam «Oydinda yurgan odamlar» qissasini sahnalashtirmoqchi bo’ldik. Harakat boshlanib ketdi. Lekin asarni spektakl qilish uchun  avvalo muallif-yozuvchidan ruxsat olish kerak edi...
Yillar o’tib, men bir narsaga amin bo’ldimki, biz — teatr jamoasi vakillari, yozuvchining intellektual mulki bo’lmish asarini spektakl qilishda, hatto undan oqilona ruxsat so’rashning ham uddasidan chiqa olmagan ekanmiz. Yozuvchining roziligi olinmagani bois spektakl qo’yilmadi. Chunki teatr rahbariyatining to’porilarcha  xatti-harakati muallifga juda og’ir botdi va u  spektaklni bekor qildi. Chunki biz asarini undan imi-jimida ruxsat so’rab,  shartta sahnaga  qo’yvoravergan ekanmiz.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:42:33
Endi boshdan do’ppini olib, o’ylab qarasam, bu borada muallif haq ekan. Axir bu yerda mualliflik huquqi degan gaplar ham bor edi-da... Bizda tsivilizatsiyaga erishgan ilg’or mamlakatlardagi kabi muallif bilan ishlash, yozuvchi bilan muomala qilish tajribasi yo’q ekan. Endi bilsam, buni biz — teatr xodimlariga Tog’ay Murod o’rgatib  ketgan ekan!
Xullas, spektaklni sahnalashtirish jarayoni juda qizg’in  davom etdi. Eh-he, har bir repetitsiya yig’i bilan boshlanib, yig’i bilan tugardi. Men Bobosi rolini o’ynadim. Qarang, O’zbekistonda aktyorlar ozmunchami? Bu rolni ijro etish menga nasib qildi, birodarlar, menga! Garchand asar ortiq sahnada namoyish qilinmagan bo’lsa-da,  men ana shuning uchun ham  baxtli  hisoblayman o’zimni.   
Repetitsiya jarayonida yana shuni bildimki, Tog’ay Murod asarlari qahramonlari rolini obraz o’ynash texnikasi yoki iqtidoring bo’lsa ham ijro etib bo’lmas ekan. To aktyorning o’zi o’sha rollarni vujudidan his qilib, ularning xarakteri to’g’ri kelmas ekan, agar shu aktyorning peshonasi yetti qarich bo’lsa hamki, o’ynay olmaydi! Buni men ich-ichimdan his qildim. Men hatto maqtanish bo’lsa ham aytay, o’z singlimning to’yiga bordim-u, tezda qaytib keldim. Boisi, sahnani, Qoplon rolimni qizg’andim! Buni singlimning to’yida qatnasha olmaganimni afsus chekib aytayotganim yo’q. Aslo! Faxrlanib aytyapman. Umrimda eng berilib, chin dildan o’ynagan rolim ham shu —  Qoplon obrazi bo’lib qoldi. Men bu rolimni boshqa rollarim bilan qiyoslay olmayman, hech  qaysisiga almashtirmayman.       
 Biz spektaklni mutaxassislar, jamoatchilik, jurnalistlar va san’at ustalariga taqdim etganimizda ular katta qiziqish bilan qarshi oldilar. Muqimiy teatriga kelganimga yigirma besh yil to’layotgan bo’lsa, bu davr mobaynida hali birorta asar bu qadar olqishga sazovor bo’lganini eslay olmayman. Teatr tarixida hali bunaqasi bo’lmagan edi. Spektaklni tomosha qilgan mutaxassislarning qariyb yuz foizi bir gapni takrorlashdi: «O’zbekning haqiqiy Layli-Majnuni bo’libdi. O’zbekning sevgisini kuylabdi».
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:42:44
Men esa eng sevimli rolim rad qilinganidan sira xafa bo’lmadim. Aksincha, muallifga nisbatan ixlosim oshdi.
Oradan vaqtlar o’tdi. Bir shum xabar tarqadi...
Bu o’ta qayg’uli xabar edi. Xuddi shu lahzada ko’z oldimdan ko’p  narsalar o’tadi: teatrda o’z muxlislarini ko’ra olmagan rolim — Qoplon,  biz  teatr  xodimlaridan qattiq ranjigan yozuvchi, armonga aylangan uchrashuv... Men o’zimni yo’qotdim. Men adib bilan bir zamonda yashab turib, uni bir... hatto bir martagina ko’rolmay qoldim. Mana, mening  armonim.
Shundan so’ng, men bor dardimni qog’ozga to’kib soldim. Matbuot, radio, televidenieda chiqishlar qildim, intervyular berdim. Ularning hammasi Tog’ay Murod va muxlislar ko’rolmagan rolim — Qoplon haqida bo’ldi.
Hali  san’atda  Tog’ay Murod ijodiga ko’p bor murojaat qilinadi. Men uning asarlari dunyodagi eng nodir asarlar qatoridan joy olishiga qat’iy ishonaman. Biz hali  o’zbek  adabiyotining klassik adabiyot  namunasi sifatida Tog’ay Murod asarlarini ham ko’rsatamiz. Ular shunday bahoga arziydi.

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:43:31
UMIDA TO’LAGANOVA

ZAMONDOSHLIK QUVONCHI
 
                                 
Men  mashhur  o’zbek  adibi  Tog’ay  Murod  bilan  bir  davrda  yashadim, uning betakror milliy  ruhdagi  asarlaridan  bahramand  bo’ldim.
Afsuski, menga  u kishi  bilan  tanishish, dildan  suhbatlashish  nasib etmadi. Tog’ay  Murod  haqida  xotiralarim  bo’lmasa-da,  qalamidan tomgan satrlar orqali uning didi, saviyasi, yurak taftini his qilib turaman. Ha, garchand men adib bilan ko’rishmagan bo’lsam-da, o’zimni u bilan juda yaqinday sezaman,  yozuvchi to’g’risida, uning o’lmas asarlari haqida yozishga haqli sezaman. Chunki men uning zamondoshiman. Ana shu zamondoshlik tuyg’usi ko’ngil  hislarimni izhor  etishga izn berdi.
 Talabalik davrida kitob do’konlarini aylanib, yangi nashr etilgan badiiy asarlarni xarid qilishga oshiqardik. Kunlarning birida «Ot kishnagan oqshom» kitobiga ko’zim tushdi. Sarlavhasining o’ziyoq e’tiborimni tortdi. Uyga kelib, asar mutolaasiga berildim. Aytish joizki, bu mening qissalar muallifi Tog’ay Murod bilan ilk muloqotim, tanishuvim edi. Qissalarni o’qir ekanman, unda yozuvchi borlig’ini, qalb haroratini sezib turardim. Adib qalbidagi ehtiros asarlariga joziba, jon bag’ishlagan edi. Xususan, uning inson botiniyu zohirini aniq-tiniq ifodalashi, tabiat nafosatini turfa rang, betakror ohang¬da yoritib berishi meni maftun etdi. Tog’ay Murod ilk «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida Bo’ri polvon obrazi orqali imon-e’tiqod, or-nomusni talqin etdi. Men asarda kurash sahnasini, aniqrog’i, davrasini zavq bilan tomosha qildim, polvonlar mard¬ligi, g’ururini yuksak qadrlashidan faxrlandim.
Yozuvchi polvonlarning o’zini uch balo: ayolbozlik, ichkilikbozlik, nafs balosidan asrashiga urg’u berishida mantiq bor. Mazkur shartlar nafaqat polvonlarga, balki odamzotga, umumga taalluqli. Zero, bu illatlardan xoli insongina bu dunyoda halol, xotirjam kun kechiradi. Tog’ay Murod olam va odam uyg’unligini «Ot kishnagan oqshom» qissasida Ziyodulla kal va Tarlon ot misolida badiiy tadqiq etgan. Adib otni ta’riflabgina qolmay, uni yorqin bo’yoqlarda chizib beradi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:43:48
«Tarlon dumlari yoyildi, yollari hurpaydi. Yollari bir chap bo’ynida, bir o’ng bo’ynida o’ynadi! Bu yol emas, ipak, ipak! Bu yol emas, do’mbira tori, do’mbira tori!                                   
Gajak-gajak bo’yinlar bo’yin emas, do’mbira, do’mbira!»
Ziyodulla  otni darddoshi, qadrdoni bilib sirlashishi, so’zlashishi kishi ko’ngliga epkinlik olib kiradi. Qissa o’quvchida otga, atrof-olamga mehru muhabbat uyg’otibgina qolmay, jonzotlar qalbini his qilishga o’rgatadi. Asarlarini o’qib, o’zlashtirib borar ekanman, adib ijodining yangi qirralarini kashf qilishga intildim. «Oydinda yurgan odamlar» asarida yurak-yurakdan silqib chiqqan musiqani his qildim. Pok tuyg’ularni oy jilosida jilvalantirgan muallif iste’dodiga tan berdim. Qoplon va Oymomo timsolida vafo-sadoqat, muhabbat, sabr-bardosh nozik ifodalangan. Adib milliy qadriyat, an’analarni asar ruhiga mohirona singdirib yuborgan. Garchi asarda mahzun ohang yetakchi bo’lsa-da, har bir lavhada o’zgacha tarovat mujassam:
 «Ko’zlaringga boqishlarim"¦ boqishlarimizning o’zi bir dos¬ton, momosi. Bovujud  shoirlar  bilmadi, bilsa, elga yoyardi"¦ Men  senga  aytsam, momosi, boqishlar-da hali o’zimizniki"¦»
Qahramonning dil nomalari, sof muhabbati, ko’ngil rozlari o’quvchida lirik kayfiyat tug’diradi. Tog’ay Murod qissalaridagi aniq va izchil ifoda, musiqiylik, siqiqlik, ma’no va ohang uyg’unligi menda uning ijodiga katta qiziqish uyg’otdi.
Oz o’tmay, katta shov-shuvga sabab bo’lgan «Otamdan qolgan dalalar» romanini o’qishga muvaffaq bo’ldim. Romanning kino talqini ham menga manzur bo’ldi, ammo baribir, o’qish, uqish jarayoni ko’proq estetik zavq bag’ishladi. Shu paytga qadar men «oq oltin» mashaqqatini, dehqon, paxtakor mehnatini bilmas edim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:44:01
Matbuot orqali faqat plan bajarilganiyu necha tonna hosil olinganidan boxabar bo’lardim. Asarni o’qir ekanman, g’o’za, paxta parvarishi, o’zbek dehqonining tinimsiz og’ir mehnati, nochor turmush tarzidan voqif bo’ldim. Dehqonqul timsolida minglab zahmatkash, fidoyi mehnatkashlar fojiasini ko’rdim. Darhaqiqat, Dehqonqul — sho’ro «sindirgan», irodasi tamoman tuzumga itoat ettirilgan fojiiy inson. U o’z qadrini bilmaydi, haq-huquqini talab qilmaydi. Shu paytga qadar Tog’ay Murod g’ururli, o’zligini asray olgan mard kishilarni tasvirlagan edi. Dehqonqul esa ularga zid ifodalangan. Muallif insoniy o’zlikni boy berish qanday oqibatlarga, xo’rliklarga olib kelishini ko’rsatish  maqsadida Dehqonqul obrazini yaratgan. Roman kitobxonga qahramon dardini tuyish, his qilish imkonini beradi.
Adibning «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanida ongdagi mutelikni qahramon ruhiy-ma’naviy olamini yoritish orqali aks ettirilishi mohiyatni teran anglash imkonini beradi.  Asar qahramoni Botir firqa ham zamon qurboni, lekin u yoshligida dinu diyonatni ruhiga singdirgan. Umri davomida tiynatidagi poklik bilan qo’rqoqlik aro kurash davom etadi. Tog’ay Murodning ruhshunoslik mahorati kishi qalb tug’yonlari, iztiroblarini, tafakkurdagi evrilishlarni nozik tahlil qilishida ko’zga tashlanadi.
Asarni o’qib tugatar ekanman, miyamda bir fikr charx urardi. Kitobxon asarlarni o’qib, qahramon qayg’usiga sherik bo’lsa, g’amga botsa, dildan achinsa, uni yozgan, yurak qoni  ila bitgan ijodkor qay holatga tushgan ekan? Men muallif ijodiga qiziqqanimdan   Tog’ay Murod asarlari ritmini ilmiy tadqiq qilishni oldimga maqsad qilib qo’ydim. Adib qissa, romanlarida tez aytish usulidagi bir xil tovush takroriga asoslangan obrazli ifodalar ancha:
«Qizillar qulog’i qirqta bo’ladi.
Surxon saratoni saratonni  saratoni bo’ldi.
Ayolimiz ayollar ashulasini boshladi.
Atirgullar atriyot anqitdi.
Tabiatni to’lg’oq tutdi».    
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:44:18
 Mazkur satrlar ohangi uzluksiz, tez va shiddatli nutq hosil qiladi.
«Dalalarim kaftday-kaftday ko’chdi.
Dalalarim mushtday-mushtday ko’chdi.
Dalalarim toshday-toshday ko’chdi». 
Jumlalar qurilishi muvozanat (vazn, o’lchov jihatidan teng¬doshlik) usulini yodga soladi. Jumla boshi va oxirida  «dalalarim», «ko’chdi» so’zlariga urg’u berilib, takror so’zlar qofiyalanishida o’xshatish san’atidan foydalaniladi.
Yozuvchi shu  tarzda sinchkovlik bilan jumladagi so’zlar aro monandlik, muvofiqlik, bo’g’inlar tengligi vositasida ma’lum maromni yuzaga keltiradi. Bu o’z navbatida nutqning ichki tartibi, ritmini hosil qilib, har bir so’z, bo’g’in jarangdorligini oshiradi.
Tog’ay  Murod asardan-asarga ulg’ayib, mahoratini, badiiy didini o’stirib boradi. U mumtoz asarlarda qo’llanadigan san’atlardan biri — tardi aks orqali jumla jarangdorligini oshirishga  intiladi:
«Saraton balolardan sariq bo’ladi, balolar saratondan-da sariq bo’ladi».
«Dalalarim osti ustun bo’ldi, dalalarim usti ostin bo’ldi».
Adib birgina tovushga urg’u berib, satrdagi so’zlarni yangroqlashtirishga erishgan:
«O’zbek eli o’r keladi, o’zi o’jar, zo’r keladi».
Mazkur holatlar ohangdorlik,  ritmdagi shiddatning yuzaga chiqishiga turtki beradi.
Men mutolaa jarayonida maqol darajasiga ko’tarilgan iboralarni uchratdim, nazarimda adib qalbidagi asosiy gaplar, qarashlar shu jumla, iboralarga jamlangandek tuyuldi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:44:35
«Qari odamni enagasi — go’rkov.
O’lim mangu yashaydi.
Gul — qorni to’qlarni ermagi.
Jinnixona — tirik insonlar qabristoni».
Falsafiy teranlik, mantiqiy  asoslanganlik  hayotiy tajriba hosilasidir. Adibning asarlari bilan yaqindan tanishish asnosida menda u kishi bilan suhbatlashish, ijodiy izlanishlaridan voqif bo’lish istagi bo’lgan. Afsuski, bu baxt menga nasib qilmadi, yozuvchining bevaqt o’limi sababli barcha muxlislari kabi men uchun ham armon bo’lib qoldi.           
Ha, Tog’ay Murod adabiyotga lov-lov yonib kirdi. Har bir asari zamiriga xalqchillik va umuminsoniylikni singdirishga harakat qildi. Millat, xalq taqdiriga befarq bo’lmagan iste’dod sohibi uning dardini, armonlarini tuyib, his qilib yashadi. Tog’ay Murod musavvir nigohi-la millat qiyofasini, xalq ruhini tiniq tasvirladi. U ozginayu sozgina umrini xalqiga baxshida etdi. Xalq ham ana shu umrni baxsh etishday jasoratni munosib taqdirlaydi: milliy adibimiz xotiramizda mangu yashaydi.                       
 
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:46:47
SA’DINA BOBOMURODOVA


SIZNI BIR KO’RMOQ ISTARDIM...

yoxud Tog’ay Murod asarlari
muxlisining armoni

Siz tonglarda, shomlarda xonadonimizga toza epkinday kirib kelardingiz. Bolalarim tong-la sizni yodlardi:
— Dada, yaxshi bola bo’lib yursam, «Domino tulki»ni o’qib berasiz-a?...
— Aya, biz bugun bog’chamizning oldida «Asl Analaston mushugi»ni ko’rdik!

* * *

Sizni bir ko’rmoq istardim!
«Tog’ay Murod — o’zbekning asl yozuvchisi» nomli  «Muxlis» ruknida yozilgan ikki qog’ozli qoralamani olib, poytaxtdagi bir necha nashr dargohlarida bo’ldim. Hammasidan bir xil javob bo’ldi: «Avval o’zlaridan ruxsat oling, haddimiz sig’maydi».
Ostonangiz ortida qo’ng’iroqchalarga jur’at topolmay, ba’zida esa o’zingizni topolmay kutib-kutib qaytib ketgan kunlarim ko’p bo’lgan.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:47:28
* * *

— Mana, kitobimni chiqardim! Falon so’m, olasizmi?.. O’zi O’zbekistonda menday yozadigan shoir yo’g’-ey!
Yo’ldosh shoirning bu so’zlarini avvaliga fahmlab kulaman. So’ng jiddiy aytganini ko’rib, baliqpaz Ziyodulla chavandozning yuziga enkayib-enkayib qaraganday qarayman: «Pahlavon Daholar muncha ko’p».
Ensam qotadi:
— Ha, kitob ham ko’chada qoldi o’zi!.. Shu, yozsang, Tog’ay Murodday yozsang-da!
Darrov yomonlarning yomoniga aylanaman. 

* * *

— Sizni ko’rsam, negadir Tog’ay Murodning asarlari esimga kelaveradi-ey, — hamqishlog’imiz ostonadan o’tar-o’tmas shunday gap boshlaydi. — Tunov kuni O’rol bovamnikiga borsam, bovam sadaning soyasida yotib olib kitob o’qiyotgan ekan. Chaqirsam, eshitmaydi.
— Ha, bova, institutga kiryapsizmi deyman-da, — deb oldiga borsam, ko’zyoshlari soqollarini yuvyapti: shoshib qoldim, meni sezmadiyam, indamay qaytib ketdim. Ertasiga kelib qarasam, o’sha kitob «Oydinda yurgan odamlar» ekan. Sahifalarida ko’zyoshlar — sarg’ish dog’lar qotgan kitobni varaqlayotsam:
— Bu yozuvchilaring xuddi meni, mening ko’kayimdagini yozibdi ekan, bolam, — deydi.
Shunda havaslarim, hayratlarim ortadi!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:49:23
* * *

Hamkasbim hayron bo’ladi:
— Tog’ay Murod zo’r, zo’r, deysiz. Zo’r bo’lsa televizorga chiqardi-da?
— Chiqish shartmi, nodon, — deyman-u, lekin o’zim ham har kuni Surxondaryo so’zi aytilsa, Tog’ay Murod chiqib qolarmikin, deya umidvor termulaman...

* * *

— Yaxshi kitoblaringizdan berib turing, o’qib bo’lib, olib kelaman.
— Tog’ay Murodni o’qiganmisiz?!.
— Yo’q.
Beixtiyor o’rnimdan turib ketaman:
—  Shuncha yillardan beri Tog’ay Murodni o’qimasdan qanday yashayapsiz-ey?!
 Oradan uch-to’rt kun o’tar-o’tmas, o’sha olim-shoir tanishim kitoblarni olib keladi:
— Men o’zbek xalqining kimligini, qandayligini endi tanidim! Ana yozuvchi! Qaytib qalam ushlamaslikka qasam ichdim!

* * *

«—  Yo-Yo-Yo!.. Otamning piri!»
Necha-nechanchi martadirki, Tilovberdi polvon shunday deb ayqirganda titrab ketaman. Asar yaratildi, mana, necha-necha yillarki, Tilovberdi polvon shunday  deya ayqiradi.
Nazarimda, u rostakamiga chin otasining, Tog’ay Murod otasining pirini madadga chaqirib, davra bo’ylab ayqiradi:
— Yo otamning piri!..

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:50:06
* * *

Tog’ay Murod asarlaridagi qahramonlar — o’zbeklarning oriyati, g’ururi, axloqi o’ta baland. Ular it iskagan qozonlardan sira osh ichmaydi:
«Mirob ayolini naqd uch taloq qo’ydi!»
«Tanacha ko’zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi». «Bo’ri polvon ichkaridan davralarda kiyib olishmish jelagini kiyib keldi. Bilaklarini  turdi, chap-chaqqon bo’ldi:
   — Nomahram ayol qo’yniga kiradigan undaychikin nahs raisni yerga tappiday yopaman,  tappiday!»
   Yoki bo’lmasa:
«Normurod polvon Bo’ri polvon qo’lidan yulqinib chiqdi. Yana davrani aylandi.
  — E, master sport tugul, dev bo’lsayam chiqaman! — dedi. — Normurod polvonning ko’zi ochiq bo’p turib, uning eli yerga qaraydimi?! Ushlamang meni, polvon bova, ushlamang! E, yerga kirgizib yuborsayam chiqaman!»
Ana sizga Vatan tuyg’usining, iymon tuyg’usining ifodasi!
Bu so’zlar, nazarimda, oddiyday, lekin nega ta’siri bunchalar kuchli? Boisi, g’oya sog’lom, milliy e’tiqod butun. Bu so’zlar samimiy, toza ko’ngil izhori, shuningdek, muallifning toza ko’ngli ifodasi.
Asl yozuvchi muhabbat bobida ham  pok tuyg’ularni kuylaydi: «Men rubobiy qo’shiq qo’ynida qolaman!»

Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:51:46
* * *

Sizni bir ko’rmoq istardim...
Necha yillardirki, yurtim qirlarida ilk ma’sum giyohlar — boychechak, raftor, lolalar bosh ko’targanda, men — bir notanish muxlisingiz dilida cheksiz havasu ixlos bilan sizga shu tabarruk mo’’tabar bahor giyohlaridan tutmoq istardim!

Sizni bir ko’rmoq istardim!
Sizni ijodda burgutlarga mengzardim.
Goh-gohida bu dil,
Chumchuq, chittak kabi mijg’ov parvozlardan,
Kecha tuflab-tuflab tashlagan oshni
Bugun maqtab-maqtab ichgan  «ustoz»lardan,
Bulbulning kuyini zog’larga sotgan,
Aqli bus-butunu iymoni ozlardan,
Fahshni nuqul ishq deb chalayotgan
                                       yolg’onchi  sozlardan,
Nihoyasiz zada-zardob bo’lib ketganda —
Bu alam vodiysidan tamom ketmoq istardim!
Dilning tub-tublarida ne o’y, ne g’am bo’lsa,
Bari-barisini sezmoq istardim,
Ne yolg’on bo’lsa gar,
Qalam-la buzmoq istardim.
Bu yo’lda Haqqa yuz tutib,
Halolu pokiza yozmoq istardim!
Sizni bir ko’rmoq istardim!

* * *

Afsus, bu istak, bu orzu armonga aylandi.
Biz sizni asray olmadik...
Shunda bir fikr dilga taskin beradi: sizni ko’raman. O’zingiz¬ yozgan asarlaringizda sizni ko’raman. Asarlaringizga yana sho’ng’iyman, ha, ular hamisha men bilan birga, mening ko’nglimda.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:53:58
KARIMBERDI TO’RAMURODOV

KECHIKISH


Mening yulduzim so’nmaydi!
Mening davralarim hali davom etadi!
Mening yulduzim mangu yonadi!
                                                                   
        Tog’ay Murod

1

O’v, birodarlar!
Yigirmaga kirganimda do’st topdim.
U — Tog’ay Murod bo’ldi.

2

Bir polvonni yozibdi.
Yozgani meni ichimdagi bo’ldi. Dardim mening dardim bo’ldi.
Men polvon edim,  birodarlar!
Bo’ri polvonchalik emas edim, lekin polvon edim. Polvon uncha-munchaga tan bermaydi. Men Tog’ay Murodga tan berdim.
Meni yozibdi, dedim, mening tilim, mening kurash usullarimni qaydan bilibdi, dedim.
Tog’ay Murod polvon ekan, dedim. Zo’r polvon ekan, dedim.
Polvon bo’lmasa shunday yozmas edi. Yozolmas edi.
«Yo, otamning piri! — hayqirdi Tilovberdi».
Bu kalimani raqibini usulga olib yiqitish oldidan Tilovberdimas, men, Karimberdi aytadi.
 «Ismoildan yiqilgan Bo’ri polvon... yig’lab yubordi».
 U ... men edim. Peshonasiga mushtlab-mushtlab yig’lagan... men edim, otamning qishlog’ida davradan bosh egib chiqib ketganimda aytib edim..
Shuytib, Tog’ay Murod do’stim bo’ldi.
O’lmasam, topib bi-ir gaplashaman, dedim!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:55:13
3

O’v, birodarlar!
Tog’ay Murod akam bo’ldi.
U mendan katta ekan.
U haqiqiy polvon ekan. U ot chopar ekan. Chavandoz ekan.
Men-da otni yaxshi ko’rdim, otim bo’lmadi. Men o’sgan yerda ot o’smadi. Ot zotini bilmay o’sdim. Otdan qo’rqib o’sdim. Ot minmay o’sdim, minolmay-da o’sdim.
Bir kechada ot haqida hamma narsani bilib oldim.
Shu kecha ot bo’ldim.
Otga qo’shilib yig’ladim. So’lig’imni chaynab-chaynab yig’ladim.
Enam: «Tishingni g’ijirlatib uxlading, bolam», dedi.
Enamga: «Tog’ay Murodni enasi kim ekan-a?» — dedim.
«Qaysi Tog’ay?» — dedi enam.
 Enamdan-da arazladim.
 O’lmasam Tarlon olaman, dedim.
 Xo’jasoatga Tarlonda boraman,  dedim.
 Tog’ay akam shundaygina ko’z oldimga opkeb qo’ygan, Hayrondaradan o’tib, Holvachi qirlariga chiqib ovozim boricha akamni chaqiraman, dedim!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:55:37
4

Ay, yoronlar!
Tog’ay Murod shoir ekan.
Uning biror nasrida nasr ko’rmadim. Har safar kitobidan she’r o’qidim.
Men she’r yozar edim. Qofiyali-qofiyali qilib yozar edim.
Tog’ay Murod yozgan she’rni o’qisang, qofiyasi ichingdan kelar ekan.
She’rning zo’rini odamlar birdaniga tushunmaydi.
Tog’ay akamni odamlar birdaniga tushunyapti.
Odamlar-ku tushungan. Zo’rga baho bergichlar tushunmabdi.
Men buni keyin bildim.
Yaxshi she’r o’qisam ichidan kuyi kelar edi. Tog’ay Murod she’rlarining ichidan-da kuyi kelar bo’ldi.  Dard kelar bo’ldi.
Eshilib-eshilib kelar bo’ldi.
Tog’ay Murodning she’rlari zo’r bo’ldi.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topib bi-ir gaplashaman, dedim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:55:59
5

   
O’v, birodarlar!
Tog’ay Murod akam hamnafasim bo’ldi.
Men o’zimni hofiz sanab yurib edim. Kuychi sanab-kuychi sanab yurib edim. O’zimdan-da zo’r hofizni ko’rdim. Ashulalari menikidan-da dardli-dardli bo’ldi.
Yig’lab-yig’lab eshitdim. Qo’shilib-qo’shilib aytdim.
Bu qo’shiq «Oydinda yurgan odamlar» qo’shig’i bo’ldi. Qo’shiq tinglab endi yig’ladim. Aytib-aytib yig’ladim.
Oymomoni enam, deb yig’ladim.
Momomizga aza ochib yig’ladim.
Momomizga o’g’il bo’lgim keldi.
Qoplon bobomizga-da o’g’il bo’lgim keldi.
Aka! Buncha g’amli qo’shiqni, buncha dardli qo’shiqni yuraging¬ga qanday sig’dirding, dedim.
Aka! O’qib shuncha yig’ladim, yozib qancha yig’lading, dedim.
«So’qmoqda bir qizil kiyim ko’rindi.
... Bu asl qo’shiqning o’zi bo’ldi!
Asl qo’shiq turganda, muxammas  qo’shiqqa yo’l bo’lsin!
Asl qo’shiqqa taraf yo’q!»
Men qo’shiqchilik qilmay qo’ydim!
Asl qo’shiq turganda muxammas qo’shiqqa yo’l bo’lsin!
Asl qo’shiqqa taraf yo’q!
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:56:26
6

Ayo, do’stlar!
Ilk bor Tog’ay Muroddan qo’shig’i yo’q qo’shiq eshitdim.
Bu «Momo-Yer qo’shig’i» bo’ldi.
Uning ichida qo’shiq-da bo’lmadi, mehr-da bo’lmadi.
Ichi to’la alam bo’ldi, ichi to’la qahr bo’ldi.
Anglaganim shu bo’ldiki, Tog’ay Murod o’ch olay, dedi.
Tog’ay Murod bir boplay dedi.
G’animlarimni-da bor bo’yi bilan o’quvchilarimga bir ko’rsatay, dedi.
Otlarini aytmasam-da, o’zlari tanib olar, dedi.
Anglaganim shu bo’ldiki, achchiq bilan yozsa-da, zarda bilan yozsa-da, o’zining tilida, o’zining qalamida yozibdi. Chunki serjant Orziqulovni-da tanidim, Oyxol momomni-da tanidim.
Qishloqni-da tanidim, buloqni-da tanidim.
Zardali bo’lsa-da akamning so’zi — akamning so’zi-da!
O’lmasam, Tog’ay Murodni topib bi-ir gaplashaman, dedim.
Quruq qo’l bilan bormayin dedim. Hech bo’lmasa bittagina she’r kitobcham chiqsaydi, dedim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:57:04
7


Tog’ay  Murod hikoyani-da yaxshi yozar ekan.
Qissalaridan olov chiqib-olov chiqib yotgich edi.
Hikoyalaridan uchqun chiqib-uchqun chiqib yotgich bo’ldi.
Aslida ular qissalaridan oldin yozilgan bo’ldi, shu uchqunlar yig’ilib-yig’ilib olov bo’lib qissalariga aylangan bo’ldi.
«Bobosi bilan nevarasi» shahar bordi. Nevara shahar ko’rdi.
«Katta-katta uylari bo’ldi, odamlari ko’p bo’ldi, ko’chalarida odamlari olma, bodringlarni odamlarga ko’rsatib o’tirgich bo’ldi». Voh-ay!
 Shaharning ta’rifini ko’ring.
 Bolaning tasavvurini ko’ring.
 «Kuzning bir kunida» «o’zimizning» Obidovichni, talabasining g’amini o’z g’ami bilgich «o’zimizning» sodda Obidovichni talabasi, shaharlik ayyor talabasi, makkor talabasi, riyokor talabasi gel qilib ketdi.
Ezgulik bilan yovuzlik jangi Gyotedan-da qari, Esxildan-da qari.
Tog’ay Murodning ezguligi yovuzlik bilan urush-da qilib o’tirmadi, jang-da qilmadi.
Urushni o’quvchiga havola qildi akam.
Ezgulik bilan yovuzlik jangi musichaning «Ku-ku-ku»siga oshufta istirohat bog’i direktorining muovini bilan direktor o’rtasida ham davom etdi.
Bu yerda jang bo’ldi.
Yovuzlik bir zarba bilan ezgulikni yiqitdi. Qalbimizdagi ezgulik mag’lub ezgulikka hamdard bo’ldi. Bir kengayib oldi. Qalbimiz bir og’ridi.
«Er-xotin»ni tarsaki urdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:57:19
Yonog’i ko’kardi.
Mehmonlarga «yuzim bilan yiqildim dedi» xotin.
Dami ichida er entikkanidan nafasi titrab ketdi.
Mehmonlar-da ketdi. Xotini-da taraddud ko’rdi.
Erining uzrini ko’ring. O’zi ko’kartirgan yonoqni o’pib uzr so’radi.
Kechasi xotiniga tikilib-tikilib o’tirdi. Tikilib-tikilib  qalbida ayoliga shunday iliq tuyg’ular ko’pirib toshdiki, hov o’shanda, sinfdoshiga qarab-qarab o’tirganida-da shunday bo’luvdi. Ahay-ahay!
Qani hikoyada sevgi degan so’z?
Qani o’sha quruq so’z?
Aytmaydi, hech kim aytmaydi.
Bu so’z ichingdan keladi.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topaman, dedim. Bi-ir gaplashaman, dedim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:57:45
8

Tog’ay Murod akamni izlab Tosh shaharga borar bo’ldim.
Tog’ay Murod akam yo’l bermadi.
Gazetaga yozdi: «Adabiyot qasriga har kim o’z asari bilan kiradi», dedi.
Tog’ay Murod u qasrda bo’ldi.
Bir-ikkita hikoyam chiqsin, keyin borsam yarashar, dedim. Hozir nima deb boraman, dedim.
Hikoya yozdim...
O’qiganlar maqtadi, birovi-da bosmadi.
Uch yilda chiqdi.
«Tog’ay Murod bo’l-e», dedim.
Yozganim o’xshamadi-ya, yozganimni chiqishi o’xshadi-da.
Yana ikkovi chiqsin, keyin boraman, dedim. Birovgina hikoya¬ni ko’tarib chopgani uyaldim.  O’zimgayam ep bo’lmadi.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topaman, dedim. Bi-ir gaplashaman, hikoyamni o’qitaman, dedim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:58:26
9

Tog’ay Murod alamzada bo’ldi. Alamli-alamli yozdi.
«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi», dedi.
Qahramon raykom bo’ldi, qahramon obkom bo’ldi, qahramon shoir bo’ldi, qahramon jinni bo’ldi, otin-da bo’ldi, demokrat-da bo’ldi. Lekin roviy baribir Tog’ay Murod bo’ldi.
O’qib bo’lgach, unisini-da yaxshi ko’rmading, bunisini-da yaxshi ko’rmading.
Tog’ay Murodni yaxshi ko’rding.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topib boraman, dedim. Bi-ir gaplashaman, dedim.

10

Tog’ay Murod yozibdi:
«Birodar, faqat yolg’iz odam asar izlaydi. Faqat yolg’iz odam asar topadi. Faqat yolg’iz odam asar yaratadi».
Tavba-tavba, dedim. Menga yozibdi, dedim. Meni yozibdi, dedim.
Otamdan o’novmiz. Yolg’izdayman.
Ayolim bor, yolg’izdayman. O’g’il-qizim bor, yolg’izdayman.
Ich-ichimdan yolg’izman. Yolg’izlikni istayman. Yolg’izlikni sevaman, astag’firulloh.
Hamdard yo’qday.
Tog’ay Murod-da yolg’iz ekan.
U hamdard bo’la oladi, dedim.
Ikki-uch oyoqlandim. Iymandim. Endi u Buyuk, dedim. Men kimman, dedim. Dasturxonim arzirli bo’lishini kutdim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:58:54
11

O’v, birodarlar!
Tog’ay Murod ustozim bo’ldi.
Unga o’xshatib-o’xshatib yozdim.
Unga ergashib-ergashib yozdim.
Tog’ay Murodga o’xshasam dedim.
O’xshay olsam qaniydi, dedim.
Uning bitganlariga o’xshatib yoza olarmikanman, dedim.
Yashirib nima qildim, taqlid qilib-da yozdim. «Uzib-uzib olib» yozdim.
 «Yulib-yulib olib» yozdim. Yozganimga yopishtirib-da yozdim.
Uch-to’rt bosilib chiqdi.
Tog’ay akam keyin hech Tog’ay Murod bo’lolmasligini, oldin-da hech kim Tog’ay Murod bo’lolmaganligini isbot qilib qo’ydi.
 «O’zbekka haykal qo’yaman!» — dedi.
Qo’ydi.
Bu gapni aytishga Tog’ay Murodgacha hech kim jur’at etolmadi.
Tog’ay Muroddan keyin-da hech kim aytolmadi.
Bu uchun Tog’ay Murodni yuragidek yurak kerak. Qani u, kimda bor?
Tog’ay Murod aytdi!
Aytganini qildi.
Polvon-da!
Haykal qo’ydi o’zbekka.
Haykali «Otamdan qolgan dalalar» bo’ldi.
Mana, o’zbek kim! Mana, o’zbekni dardi nima? Mana, o’zbekning fojiasi qanaqa?
Dehqonqulga qarang-da, bilib olavering.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 21:59:48
12

Dehqonqul — o’zbek.
Hamma o’zbek — Dehqonqul!

13

O’lmasam, o’zbekka haykal qo’ygan  — Tog’ay Murodni topaman, dedim.
Bitta haykalga dastxat yozdirib olaman, dedim.
Endi bormasam bo’lmas-ov!

14

O’v, birodarlar!
Qirqimdan oshib besh-olti yozganim bosilib chiqdi.
Yozganim besh-o’ntaga ma’qul bo’ldi. Endi Tog’ay Murod do’stimni, Tog’ay Murod akamni, Tog’ay Murod  shoirimni, Tog’ay Murod hofizimni, Tog’ay Murod ustozimni topmasam, bo’lmaydi, dedim.
Halovatim yo’q bo’ldi.
Toshkent bordim.
Ustoz uyi Darxonda bo’ldi.
Darxon to’la odam bo’ldi.
Odam to’la — Darxon bo’ldi.
Vo-darig’!
Yigirma uch yil ham kutamanmi, ko’nglimdagi odam diydorini?
Shuncha ham paysalga solamanmi, do’st ziyoratini?
Shuncha ham iymanamanmi, ustoz oldidan bir o’tishlikka?
Yigirma uch yil «O’lmasam, Tog’ay Murodni bir ko’raman, deb yuribman-yuribman, Tog’ay Murod o’lib qolsa-chi», demabman.
 O’v, birodarlar!
 Darxon to’la odam bo’ldi, odam to’la — Darxon bo’ldi.
 Darxon to’la armon bo’ldi.
To’la odam shu kuni — men Tog’ay Murodni izlab borgan kuni Tog’ay Murodning  ma’rakasiga  yig’ilgan bo’ldi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:00:34
15

O’v, birodarlar!
Yigirma uch yil kutgan Tog’ay Murod meni uch kun kutmadi!
Uch kun burun tongda, oppoq tongda oppoq yo’lga chiqib ketgan bo’ldi...

16

«O’lim... tong vaqti keladi, tong vaqti. Odamzot tong vaqti so’nggi bor... iroda bilan entikadi... ozod ham og’ir entikadi», degan ekan akam «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»da.
Bashoratmi bu?
«Sahar vaqti o’lsang, qanday soz!» — deb yozgan ekan ulug’im.
Diydorini qiyomatga qoldirib, oppoq saharda, tongdan-da oppoq manzillarga yo’l solibdi, ardoqlim.
Polvon akam yuragini changallab yiqilibdi.
Yurak bir bahona, yurak bir sabab.
Mohiyat nimada?
Akam qilar ishini qilib bo’ldi!
Faqat mening borligimni, uning diydoriga, gurungiga zorligimni bilmadi.   
Bilsa sabr qilarmidi...
Hech qursa uch kungina sabr  qilardi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:01:11
17

Yuragimga birov ombur solib o’ydi, ombur solib buradi. Birovlar meni enkaytirib-enkaytirib yubordi.
Bu ayriliq dardi bo’ldi!
Bu judolik dardi bo’ldi!
Men do’stimdan ayrildim!
Akamdan ayrildim! Ustozimdan-da ayrildim!
Men umidimdan ayrildim!
Endi ot olmayman!
Otlari sag’ir qolgan Hayrondaraga bormayman!
Men endi yolg’iz qoldim.
Akamdan-da yolg’iz qoldim.
O’z uyimni yopinib oldim, o’z uyimga ko’milib qoldim. Yolg’iz-yolg’iz yotib o’yladim.
Tog’ay Murod akamga quruq motam kamlik qiladi, dedim. Bir nima qilay, dedim.
Niyatlarim ulug’-ulug’ bo’ldi.
Niyatlarimga yarasha kuchim bo’lmadi.
Ollohga yolvordim!
Kuch ber, dedim. Iroda ber, dedim. Iqtidor ber, dedim. Yo’limni ber, dedim.
O’zbekka haykal qo’ygan Tog’ay Murodga haykal qo’yay, dedim.

  18

Tog’ay Murodga haykal qo’yaman!!
Tamom.                             
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:02:26
JASUR KENGBOEV

TOG’AY MUROD BILAN  XAYOLAN  SUHBAT
Suhbat-esse

Asl ijodkor el-yurtga «ura-
ura» gaplar  bilan emas, badiiy
asarlari  bilan  xizmat qiladi.     
                 
                                           
Tog’ay  Murod

Men oltinchi sinfda o’qir edim. Qishloqdagi eski maktab kutubxonasida ishlaydigan kutubxonachimiz almisoqdan qolib ketgan ko’zoynagini taqib, bir kitobni ko’lidan tashlamay o’qib yurardi. Kitobning jildi juda eskirib ketganidan ustiga nima yozilganini bilib bo’lmasdi. Bu odamning hadeb bitta kitobni mutolaa qilaverishiga taajjublanardim. Menga qiziq tuyulardi-da, bu.
Bir kuni unga bildirmaygina o’sha kitobni olib, birinchi betini o’qib ko’rdim: katta harflar bilan «Otamdan qolgan dalalar» deb yozilgan. Bolalarcha soddalik bilan bo’lsa kerak, bunday gaplarni faqat yoshi kattalar gapiradi, deb o’yladimmi, bilmayman-u, har holda amakining o’qib o’tirgan narsasiga ensam qotib, «Him-m, otasidan qolgan dalalar ekan... Shunga nima qipti?» — deganman... Oradan ikki-uch yil o’tdi.
Shu orada shahardagi bir litsey-internatda o’qiydigan bo’ldim. Uning kutubxonasidan bir kuni «Ot kishnagan oqshom» degich kitob topib oldim. Kitob  ustida bir-biriga moyilligi baland, bir-birini quvib o’tishga oshiqayotgan,  biri oppoq, biri soyarang, yelday uchib borayotgan ikki ot tasvirlangan edi. Ularning yollari shamolda taralar, ko’kraklari keng, baquvvat, ko’zlari, negadir, qahrli va g’azabli, buning ustiga, ma’yus edi. O’shanda kitobning ilk betida qiziq gapni o’qib qolgandim: «Bu qissalar ne kunlarni ko’rmadi! Zoti nomard bo’ldi, ushbu qissalar yoqasidan oldi. Og’zi buzuq bo’ldi, ushbu qissalarga tupugini sochdi. Qo’li nopok bo’ldi, ushbu qissalardan butun-butun boblarni o’chirib tashladi. Oqibat, ushbu qissalar o’z vaqtida pati yulinmish tovuq misol chop etildi. Alqissa, dorilomon kunlar keldi. «Ot kishnagan oqshom»dagi Ziyodulla chavandozchasiga aytar bo’lsak... uloq Tog’ay Murodda ketdi!»
Dastlab bu gaplarga unchalik tushunmaganman. Oradan  vaqt o’tib esa...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:02:42
...Kitobdagi «Ot kishnagan oqshom» qissasini o’qishni boshladim. Uyog’ini bilmayman, bilmayman! Qolgan «Yulduzlar mangu yonadi», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalarini qanday o’qib chiqdim, qanday tamomlab qo’ydim — bilmay qoldim! Kitobni yopibmanki, ko’z oldimdan qissalar qahramonlari bir-bir o’ta boshlaydi: Ziyodulla kal va uning «birodari»ga aylangan Tarlon, Bo’ri polvon va do’sti Nasim polvon, ikki do’stning ham diliga birday o’t yoqqan suluv Momoqiz, bir umr yo’q  bolaning Momosi, yo’q farzandning Bobosi bo’lib yashab o’tgan Qoplon va Oymomo, «oyog’i yerdan uzilgan», manman  shoir  Pahlavon  Daho...
Qalbimda g’alayon boshlandi. Xo’rsina-xo’rsina chuqur o’yga toldim. Boshqacha bo’lib qoldim... Qissalar ta’siri... Men bu asarlar muallifini eslab qoldim. Uning yana qanday asarlari bor ekan-a?¬¬ Agar topsam, albatta, o’qiyman, bittalab o’qiyman, deb maqsad qilib oldim. Shundan buyon Tog’ay Murod bilan g’oyibona do’st tutindim. Kitob do’konlaridan uning asarlarini  qarab yurdim. Nihoyat, bir kuni Tog’ay Murod degan adibning boshqa bir kitobiniyam ko’rib qoldim. U kitob esa... o’sha... bir vaqtlar nomidan ensam qotgan «Otamdan qolgan dalalar» edi! Sotib oldim. Romanni o’qib  yana oromimni yo’qotdim! Xalqimizning sovet tuzumi siyosat yuritgan paytidagi nochor, xo’rlangan turmushi, «baxt¬li hayoti» haqida tarix kitob¬laridan o’qigandim. Ammo... bu darajada ta’sirlanmagan ekanman! Xalqimiz, millatimiz boshiga ne-ne qaro kunlar tushgani, o’zbek dehqoniman, degich odamlar qanday qilib «dehqon» bo’lganini shu roman orqaligina bildim. Shu roman orqali men tengi bolalar, o’quvchilar ilk qadamini maktabdan emas, paxta dalalaridan boshlagani, ularning «paxtazor — daftari bo’lgani, g’o’zalar — husnixati bo’lgani»ni, juda ko’p onalarimiz asardagi Ziyod oshnamning onasi singari dalalarda «Paxta urib ketgan bolam-ay!» — deya faryod chekib o’tganini bilib oldim. Bir so’z bilan aytsam, shu roman orqali... men kimligimni bilib oldim! Ota-bobom kim ekanini bildim! Ana shundagina beixtiyor kutubxonachi amaki esimga tushadi. Uning nega bu kitobni doim o’qib yurishini, ba’zan chuqur o’yga tolib, asabiylashib qolishini tushunganday bo’laman....
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:02:58
Qarshida — Yangibozor tomonga ketaverishda qator uylardan birida bir otaxon derazasi ko’chaga qaragan kichik do’konchada u-bu narsa sotib o’tirardi (suv sotishi aniq esimda). Onda-sonda bozorga borish-kelishimizda atayin o’sha otaxondan suv olib ichardik. Chunki u ziyoli odam! Kim bilan gaplashmasin, unga biror qiziq gap aytib berar yo hech bo’lmasa biror she’rni ifodali o’qib, shunga fikr so’rardi. Do’konchasini kichik kutubxona, desa ham bo’lardi: sotadigan narsasidan o’qish uchun terib qo’ygan kitobi ko’p bo’lardi.
Xullas, bir kuni bozordan qaytayotib, o’sha otaxondan suv so’radim. U qo’limdagi yangi sotib olgan «Otamdan qolgan dalalar» romanini ko’rib qoldi-yu, birdan yayrab ketdi (bu kitobni ko’pincha qo’limda olib yurardim-da!). «Ay, bola, san uni o’qidingmi?» — dedi. «Ha, ikki marta o’qidim!» — dedim o’z-i-imcha gerdayib. «Ay, man bir uy kitob o’qiganman. Man Abdulla Qodiriyni o’lgan deb, o’ylab yurardim. U tirilib keptiku-a? Qaytib kepti! Faqat... shoir bo’lib qaytibdi, shovvoz. Otiyam boshqacha — Tog’ay Murod! Tog’ay Murod!»
 Do’konchi otaxonning bu zavqli gaplari mengayam ko’chdi.
Shu tariqa menda adib bilan g’oyibona do’stlik tuyg’usi yanayam jo’shib ketdi. Ba’zan, u bilan dildan suhbatlashgim, uning ijod, adabiyot haqidagi fikrlarini bilgim kelar, undan iloji boricha ko’proq va mukammalroq javob olgim kelardi. Ana shu narsa menda Tog’ay Murodga berajak bir necha savollarimning tug’ilishiga sabab bo’ldi... Lekin, qizig’i shundaki, adib ijodi bilan tanishar ekanman, uning men berajak savollarga allaqachon javob berib ketganiga ishonch hosil qilaman...
Tog’ay Murod bilan quyidagicha xayolan suhbat  qurdim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:03:18
Jasur Kengboev:
— Siz yashagan asr  tarix sahifalariga o’zining ko’plab ulkan salmoqli o’zgarishlari bilan kirdi, desak, adashmaymiz. Bu davrning boshqa davrlardan farqli tomonini, menimcha, insoniyat tafakkurida favqulodda yuz bergan evrilishlarda kuzatish mumkin. Bunda, albatta, badiiy adabiyotning alohida o’z o’rni bor. Haqiqatda esa ana shu davrga kelib, barcha jabhalardagi singari adabiyotda ham bunday ulkan yutuqlar bilan birga kamchiliklari ham ko’zga tashlanib qolmadimikin? Ayting-chi, aynan Siz  hozirgi paytda o’zingiz yashagan ana shu davr adabiy muhitini qanday edi, deb o’ylaysiz? Bu  haqda nimalar deya olasiz?
Tog’ay Murod:
— Bilasizmi, 19-asr oxirlarida chor Rossiyasida kapitalizm barq urib, gullab-yashnab edi. Ayniqsa, 80-90-yillardan boshlab kapitalizm bor bo’yi bilan gullab-yashnadi. Kapitalizm nima o’zi? Pul, pul, yana pul. Ko’k pul! Har  qadamda ko’k pul! «Ko’kidan uzat!», «Ko’kidan bo’lsin?..». Ko’k, ko’k... Odamlar, yozuvchi-shoirlar «ko’k»ka qarab intildi, ko’kka talpindilar. Shu vaqtgacha ko’k, ko’m-ko’k, deganda yozuvchi-shoirlar ko’m-ko’k tabiatni, ko’m-ko’k osmonni anglar edilar, his etar edilar. Ko’kka — osmonga qarab entikar edilar, ko’kraklarini to’ldirib, to’lib-toshar edilar, hayajonlanar edilar, ilhom bilan jo’shib-jo’shib she’r yozar edilar. Ko’m-ko’k faslga — bahorga talpinib-talpinib she’r yozar edilar. Shoir-yozuvchi unda ko’m-ko’k bahor farzandi edi, quli edi. Unda shoir-yozuvchi ko’m-ko’k osmon farzandi edi, quli edi. Ko’m-ko’k osmon shitir-shitiri, shovuri — yomg’iriga kaft tutib asar yozar edi. Yomg’ir shovuridan, nafasi namidan g’arq bo’lib-bo’lib asar bitar edi. Yozuvchi-shoir ko’m-ko’k yaproqlar shivir-shiviridan ko’m-ko’k yaproqlar haqida to’yib-to’yib asar bitar edi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:03:32
Keyin esa kapitalizm keldi, ko’m-ko’k kuch, narsa keldi... Xayoldayam, aqldayam, ko’ngil- yurakdayam pul, pul. Pul bor joydan poeziya qochadi! Poeziya puldan yiroq yuradi, baland yuradi. «Ko’k» shamoli, «ko’k» istarasi... issiq! Ammo «ko’k» poeziyani oldin so’ldiradi, keyin sindiradi. Yaproqlar ko’ki poeziyani yashnatadi, osmon ko’ki poeziyani gullatadi. Ammo pulni ko’ki poeziyani xarob qiladi. Yozuvchi-shoir o’zini ko’kka — pulga, mansabga, amal-e’tiborga tashlab ketdi...
Jasur Kengboev:
— Yo’g’-e?! Nahotki?
Tog’ay Murod:
— Sotsialistik realizm davrida yozuvchi chinakam iskanjada qoldi, xo’rlandi, ezildi, o’zini o’zi ramkaga solib asar yozdi. O’zini qafasda his etib, ijod qildi. Qafasdagi qush misol kun ko’rdi.  Antisovet, dissident,  qing’ir fikrlovchi nomini oldi. Qafasdan... sotsializm deya atalmish qafasdan dod dedi, fig’oni falakka chiqdi. Ushbu qafasdan qutulishni orzu qildi. Mana, qutuldi. Erkin qush misol bo’ldi. Ana endi erkin qush misol erkin parvoz etsa bo’ladi, ana endi erkin ijod etsa bo’ladi. To’rt tomoni qibla! Ammo barchasi... o’chib qoldi! Nega?
Menimcha, buni bitta sababi — sotsializm bir soxta qolip  edi, yolg’on bir tuzum edi. Masalan, bir odam ulug’lansa, yaxshi deyilsa, bo’ldi, shu odam ko’kka ko’tarilar edi, ulug’lanar edi. Orden ketidan orden, unvon ketidan unvon berilar edi. U odam hamisha to’rdan joy olar edi. U odamga gard yuqtirilmas edi. U odam misoli farishta edi. U odam ijobiy qahramon edi, ijobiy edi. Bordi-yu, tag’in bir odam qoralansa... bo’ldi: u boshdan-oyoq qora edi, yomon edi. Nimaiki yomon gap bor, shu odamga tuflab yopishtirilar edi. U salbiy qahramon edi, salbiy edi.
Sotsializm, sotsialistik realizm qoidalari, talablari ham ana shunday edi. Jamiyat qanday bo’lsa, undagi ma’naviy, madaniy, axloqiy-ruhiy talab-qoidalar ham shunday bo’ladi. Sotsialistik realizm metodi ham shunday talabdan paydo bo’ldi. Sotsialistik realizm — sotsializm jamiyatining talab, yo’nalish, ma’naviy metodlaridan biri bo’ldi.
Yozuvchilar ana shu sotsialistik realizm metodi quli bo’ldi, qo’g’irchog’i bo’ldi. Sotsializm qoralagan odamni yozuvchi ham qoraladi. Makondan tashqarida yashab bo’lmaydi! Yozuvchi uchun yaxshi-yomonni sotsializm belgilab berdi, yozuvchi uchun oq-qorani sotsializm ko’rsatib berdi. Hatto, maxsus partiyaviy buyruq-ko’rsatmalar bilan belgilab berdi, partiyaviy programmalar bilan belgilab berdi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:03:46
Shu bois, sotsializmda yozuvchi urug’i ko’payib ketdi. Osmondan tayoq tushsa, yozuvchi boshi, ustiga tushdi. Chunki sotsializmda asar yaratish, bunday jamiyatda asar yozish oson edi. Yana-tag’in, sotsializm yozuvchini iqtisodiy ta’minlab turar edi, yozuvchini uy-joylar, bog’lar bilan ta’minlab turar edi. Yozuvchining so’zi ardoqda edi, yozuvchini o’zi undan-da ardoqda edi.
Favqulodda... ana shu sotsializm tugadi, sotsialistik realizmda (asar) yaratish tugadi. Yozuvchi boshi berk ko’chada qoldi. Nima qilishini, nima (haqda) asar yozishini bilmay qoldi. Orqaga qaytay desa, orqada hech nima yo’q, bo’m-bo’sh — sotsializm yo’q. Olg’a boray desa, oldin-da bo’m-bo’sh! Orzu qilinmish... kommunizm yo’q! Yozuvchi arosatda qoldi, yozuvchi muallaq qoldi! Yozuvchi sifatida yozmasa bo’lmaydi. Nimani yozadi? Kim haqida yozadi? Yozuvchi bilmay qoldi, bilolmay qoldi!
Jasur Kengboev:
— Shaxsan mening yozuvchi-shoirlarning hammasi ham shunday ko’yga tushganiga hech ham ishongim kelmaydi va ishonmayman ham... Yana-tag’in kim biladi?.. U paytlar biz tug’ilmagan edik...
Lekin... Bu gapingizdan so’ng, axir, xalq hayotining ko’zgusi bo’lmish Adabiyot ana shunday yozuvchi-shoirlarning ko’ngil  mulkidan paydo bo’lmaganmi yoki bo’lmaydimi, deb o’ylab qoldim. Siz nima deysiz,   bu  jarayon yana davom etaveradimi? Adabiyot o’z vazifasini o’tkinchi narsalarga bo’shatib berib qo’yadimi?
Sizningcha,  bu  holatda nima qilmoq kerak edi? Adabiyot  shunday davom etadimi?
Tog’ay Murod:
— Aslo! Adabiyot bunday davom etmaydi! Boisi, hayotni ushlab turadigan, hayotni olg’a olib boradigan katta bir kuch bor,  o’zgarmas bir qudrat bor. Bu —  tabiat. Tabiatning rangi ko’k, ko’m-ko’k. Shunday ekan, hayotni rangi-da, ko’m-ko’k. Yozuvchi-shoir ana shu ko’m-ko’klikka qaytadi. Asr-asrlardan buyon ana shunday bo’lib kelgan. 18-asr, 19-asr, 20-asr... 19-asrni shu kunlari haqida Lev Tolstoy shunday deb edi: «Bunaqa zamonda she’r yozish — qo’sh haydashga raqs tushish bilan barobar».
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:04:08
Jasur Kengboev:
— Ana, xolos! Xo’p, Lev Tolstoy shunday degan ekan, debdi-da! Axir, siz yashagan asrda talay buyuk asarlar yaratildi-ku? Kamyu, Kafka, Balzak, Lev Tolstoy, Teodor Drayzer, Jeyms Joys, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Chingiz Aytmatov... Axir, bular qaysi zamonda yashadi? Adabiyot uchun aynan shu davrda «zamon» tushunchasi doimiy yaratuvchanlikka xalal berib, uning yo’lini jar tomonga burib yuborishga kirishmagandir? Siz nima deb o’ylaysiz,  adabiyotga zamon va makon tushunchalari ta’sir ko’rsatmasa kerak? Axir, o’zingiz ham aytgansiz-ku, «Urush davrida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan.Ocharchilik yillarida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Qamoqxonalarda buyuk asarlar yaratilgan», deb.
Axir, Lev Tolstoyning o’zi shu davrlarda yashadi, boz ustiga, u qanday mashhur asarlar yaratmadi deysiz? Aynan o’zingiz ham shu davr odamisiz. Mana, «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i», «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» kabi bir-biridan go’zal asarlar yaratdingiz-ku? Endi bu gaplarni qanday tushunish mumkin?.
 Ha, yana bir gap. Nazarimda, hozir o’zbek adabiyotining o’zidami yo xalqning badiiy mutolaasidami, yo har ikkalasidayammi,  ishqilib, ular o’rtasida qandaydir bo’shliq paydo bo’lganday... Bugungi kunda,  negadir, favqulodda, yarq etib chiqqan yozuvchini yo shoirni ko’rmayapmiz. Bugun qalblarni  larzaga soladigan yaxshi asarlarni topib o’qish amri mahol, deb bot-bot aytilyapti. Balki bu gaplarimiz bir kun kelib o’zimizniig (o’zimning) ham g’ashimizga tegib qolar, ammo hozircha biz shunday fikrdamiz...
Demak, sizningcha, hamma gap yozuvchining o’zida? Yozuvchilikning og’ir yuki ham ana shunda bilinadi... Yozuvchilikning bu yukini ko’tarishga ahd qilgan qalamkashlarni oldinda nimalar kutmaydi deysiz!
Ayting-chi, aslida, Siz va biz o’ylagan qalamkash bu yo’lda qanday qilib YoZUVChI  bo’ladi?
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:04:23
Tog’ay Murod:
— Yozuvchimi? Yozuvchi — yo’qchilikdan, kamchilikdan, och-nochorlikdan, mutelikdan, xor-zorlikdan paydo bo’ladi!
Yozuvchi — qamoq, azobdan, xo’rlikdan, ezilishdan paydo bo’ladi!
Yozuvchi — boshga tushgan qora kunlardan paydo bo’ladi!
O’tish davri hamisha qiyin kechgan. Ehtimol, shu kunlarni boshdan kechirgan yosh bolalar bir kun kelib katta yozuvchi bo’lar? Ehtimol, ana shu qiyin kunlar o’z Jek Londonini, o’z Abdulla Qodiriyi¬ni yetishtirib berar?..
Jasur Kengboev:
— Ya’ni, demoqchisizki, Ernest Xemenguey aytganiday, «Yozuvchi bo’lish uchun og’ir kechgan bolalikni boshdan o’tkazmoq kerak», a? Balki...
(Shu gapdan so’ng chuqur o’yga tolib qolaman. Mening fikrlarim esa chuvalashib ketadi... Bir nimalar esimga tushib, u kishiga «yorilaman»...)
— Bilasizmi... Men litseyni bitirar bo’liboq, poytaxtga kelib, Sizni bir ko’raman, uchrashaman, so’ng o’qishga kiraman, deb  niyat qilgandim. Shundan so’ng qanot qoqib Toshkentga uchish ishtiyoqi kun sayin kuchayib boraverdi. Xuddi Siz o’z ijodxonangizda meni kutib o’tirganday — borsamu menga qanday qilib kuchli asarlar yozish sirlarini o’rgatib qo’yadiganingizday his qilardim...
Ammo... bir oy qolganda adabiyot o’qituvchimiz Dilshod Ravshanov biz uchun dahshatli xabar aytib qoldi:
— O’zbek adabiyoti buyuk adibidan... judo bo’ldi. Surxonlik yozuvchi Tog’ay Murod olamdan o’tibdi...
Sizni biladigan sinfdoshlarim —  hammamiz bir qalqib tushdik. Lekin  hech kim ishonmadi. Ishongisiyam kelmadi. Qanday ishonamiz, axir?  Afsus, bu shum xabar chin bo’lib chiqdi. Men bunga Toshkentga kelib inondim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:04:37
Men Sizni ko’rolmay qoldim.
Siz bilan bir asrda, bir makon-yurtda yashab, Sizni aqalli bir bor ko’rish nasib qilmadi menga... Na iloj?
Talaba bo’ldim. Bir kuni Sizning ustozingiz, buni qarangki, mening ham ustozim, o’z hamkasblari tomonidan «tahrir san’atining piri», deb nom  olgan Mahmud Sa’diy domlamiz bizga jahon adabiyotida tan olingan yuzta asar va uning muallifi nomini o’zimizcha yozib kelishimizni vazifa qilib topshirdi. Men ana shu «ro’yxat»ga o’zbek adabiyotidan «Otamdan qolgan dalalar», muallifiga esa Sizning nomingizni qo’ydim. Domlamiz buni so’rab ham o’tirmadi! Yana bir darsda u Sizning asarlaringiz haqida gapirishimizni  so’radi. Men otilib chiqib, o’zimcha to’lqinlanib gapirgan bo’ldim. Domla  miyig’ida kulib qo’ydi va yoniga chaqirib, bir kitobni ko’rsatdi. Unda, atigi birgina so’z yozilgan edi: «Akamga!».
— Bu — Tog’ayning dastxati. Qara, yozuvchi deganlari, shu, dast¬xatni,  birgina so’zniyam yozib beradimi?! Rahmatlik, hatto, bir og’iz gap gapirsayam uning mas’uliyatini his qilib gapirar edi, — dedi domlam.
Bilasizmi, o’zimdan uyalib ketdim. Shunday katta yozuvchining asarlarini chuqur anglamay turib gapirganim uchun o’zimni   qattiq  koyidim. Bu esa maktab bo’ldi menga!
Nihoyat  o’sha yilning kech kuzida bir paytlardagi orzumga yetdim! Uyingizni topdim! Biz — Tolibjon aka va kursdoshim Farrux Jabborov — uchalamizni ayolingiz Ma’suma opa kutib oldi. Uyingiz birinchi qavatda — liftning shundoqqina chap biqinida ekan-a?
Uyingizga yaqinlashar ekanman, ruhiyatimda qandaydir o’zgarish sodir bo’layotganini  sezardim.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:04:57
Televizoringiz oldidagi stolda rasm — portretingiz turardi (so’nggi vaqtlarda tushgan bo’lsangiz kerak?.).
«Odamzot ruhining quvvati uning nigohida bo’ladi», deb bejiz aytishmagan ekan, ustoz! Bizga qarab turgan o’tkir nigohingizga tik qarash qiyin edi!
Yana afsuslanaman, Sizning o’zingizni ko’ra olmadim... Biroq menga dalda shu ediki, Sizning kundaliklaringiz, shaxsiy arxivingiz bilan tanishish baxti nasib etdi!
Bir kuni gazetalaringiz arxividan bir maqolangiz chiqib qoldi. Eslaysizmi, kitobingizda: «Ikki bor jumhuriyat gazetasida: «Men paxta dalalariga ketaman», deya so’z berdim. El-yurtga ikki bor so’z berdim», degan edingiz? O’sha payt men Sizning  el-yurtingizga ikki bora bergan ana o’sha «so’z»ingizdan birini olib o’qishga muvaffaq bo’lgandim.
O’sha jumhuriyat gazetasida suratingiz ham bor ekan-a? O’ttiz sakkiz-qirq yoshlarda tushgan bo’lsangiz kerak, ko’zlaringiz chaqnab turar, qoshlaringiz siyragu sochlaringiz silliq  taralgan edi.
Chap qo’lingiz bilan qandaydir kitobni ochib turar, o’ng qo’lingizning to’rtinchi barmog’ida esa yarqirab turuvchi uzugingiz bor edi. Gazetada, maqolaning bir chetiga o’z qo’lingiz bilan «1988 yil 29 yanvar», deb kun sanasini bitib qo’ygan ekansiz. «NAZM, NASR» rukni ostida e’lon qilingan o’sha «so’z»ingiz¬ favqulodda javob bilan boshlangani meni qiziqtirib qo’ygandi:
« — Menmi? — debsiz unda. — Men «Otamdan qolgan dalalar» degan bir asar dardida yuribman. Ehtimol roman bo’lar, ehtimol qissa bo’lar? Bilmadim. Ishqilib, ko’nglimda borini to’kib solaman. Asar voqealari shu kunlarda kechayapti, qahramonlari shu kunlarda yashayapti.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:05:12
Asarga sinchkovlik bilan  qarasam,  bir joyi kitobiy,  bir     joyi intellektual prozaga o’xshab qolibdi. Bilib-bilmay, G’arb ohanglariga o’ynagan joylarim  ham bo’libdi, yolg’on-yashiqlardan syujet yaratib, qoyilmaqom qilib, burab tashlabman. Faqat odamlarning ism-sharifi bizniki  demasa, qolganlari, bilmayman, kimniki... Qarasam, oyog’im yerdan uzilganday bo’libdi. Moskvada o’qib keldim, balki shundandir? Ehtimol! Shu boisdan bir oyog’im Toshkentda, bir oyog’im Surxondaryoda bo’lib qoldi. Ko’pni ko’rgan deh¬qonlar davrasida bo’ldim, dala kezdim. Dehqonning, dalaning  hidini oldim. Nihoyat, oyog’im yana yerni topdi, yana oyog’imni yerga qo’ydim. Asar ko’ngildagi kuyga tushdi. Asar yanada ko’ngil kuyiga tushsin uchun shu erta ko’klamdan boshlab Surxondaryoga ketaman.
Joysning «Uliss» romani rus tiliga to’liq tarjima qilinayapti.  Moskvadaligimdayoq tarjimonni topib, aylanib-o’rgildim, eridim, u esa qo’lyozmani bermadi, tarjima  hali bitgani yo’q, deb turib oldi.
Mening niyatim — romanni qo’lyozmadan peshma-pesh o’zbekchaga tarjima qilib, rus tili bilan bab-baravar o’zbek tilida ham chop ettirmoqchi edim. Bo’lmadi. Yana-tag’in ko’ramiz...», debsiz.
Qoyil! Siz to’g’ridan-to’g’ri «...bilib-bilmay, G’arb ohanglariga o’ynagan joylarim  ham bo’libdi, yolg’on-yashiqlardan syujet yaratib, qoyilmaqom qilib, burab tashlabman», deb ko’nglingizdagini ochiq aytibsiz! Men shunga aminmanki, buni ijodiy halollik, deb atashadi. Axir buni har kim ham ko’p ming sonli xalq oldida matbuot minbaridan turib ochiq-oydin ayta olmasa kerak? To’g’rimi?
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:05:27
Tog’ay Murod:
— ...
Jasur Kengboev:
— Ustoz, to’g’rimi?..
Tog’ay Murod:
— O’ynab qo’yay, savolingdan! O’ynab qo’yay!
Jasur Kengboev:
— Ha, yana boshqa mavzuda gaplashsak, degandim. Chunki Sizning yana bir masaladagi fikringizni bilmoqchi edim. «...Shunday til borki, u so’zlarga bog’liq emas». Shunday asarlar borki, ularda kuylangan muhabbat, ishq, bizni yanada hayajonlantiradi, yuraklarni ezib yuboradi. Ularni,  hatto   yig’lab  o’qiymiz, tomosha qilamiz. Chunki ularda umumtilda gaplashiladi. Oshiq-ma’shuqlar o’rtasidagi munosabat — faqat birgina millat yo xalqda bor narsa emas, ulardagi muhabbat butun odamzotning manglayiga bitilgan, butun odamzot ana shu umumtilda gaplashadi. MUHABBAT atalmish ushbu tilga tilmochsiz tushunsa bo’ladi!
Jahon adabiyoti durdonalariga murojaat etilsa, ko’pincha, bunday asarlar sirasiga Shekspirning  «Romeo  va Juletta»sini,   hindlarning  «Sangam» filmini misol qilib olinadi. Chunki bu san’at asarlarining bizni mahliyo etishiga bir sabab ularning badiiy va estetik qiymatidir. Ular o’rtasidagi munosabatlar. Shuningdek, sevgi-muhabbatni tarannum etuvchi bu asarlarning kishi qalbini uyg’otib yuboruvchi yana bir jihati, menimcha, ulardagi «sevgi uchburchagi»  hamdir. Masalan, «Romeo va Juletta»dagi  Romeo-Juletta-Paris,  «Sangam» filmidagi Sundar-Radxa-Gopal «uchligi» bunga asos bo’lib xizmat qiladi.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:05:39
Yaxshi bilasiz, o’zbek adabiyotida ham Alisher Navoiy bunday asarlarning mukammal namunalarini yaratgan. Masalan, misol qilib uning «Farhod-Shirin-Xisrav», «Layli-Majnun-Navfal», «Farrux-Ahiy-Gulchehra»lar «uchligi»ni olishimiz mumkin. Agar menga qolsa, Sizning «Yulduzlar mangu yonadi» qissangizni jahonning ana shunday klassik san’at asarlari qatoriga kelib qo’shildi, deb hisoblagan bo’lardim.
Chunki qissadagi «Bo’ri-Momoqiz-Nasim» «uchligi» har qanday qalbni bir bor bo’lsa ham larzaga solishi tayin. Axir, mana bu so’zlarni eshitganda kim ich-ichidan bir «uh» tortib qo’ymaydi deysiz: «Bo’rining o’z dostoni bo’ldi. Bu doston hali kuylanmadi. Dostonni uch kishi bildi: Momoqiz, Nasim, o’zi bildi. Doston davom etdi».
Bo’ri polvonning mana bu genial gapi esa hech qanday odam dilidan joy olmasdan qolmasa kerak: «Men qizlarni ko’chalarda, teatrlarda ko’rdim, to’y-ma’rakalarda, kinolarda ko’rdim. Bari qizlar xushro’y-xushro’y...
Ayniqsa, hind kinolaridagi qizlar! Suv bilan yutgudek qizlar! Suluv-suluv qizlar! Hind qizlari to’lg’anib-to’lg’anib, eshilib-eshilib o’ynadi!
Men ana shunda, o’zimizning yoshligimizni o’yladim. Momoqizni o’yladim... Hind qizlari har qancha eshilib o’ynasa-da, to’lg’anib o’ynasa-da, baribir... baribir Momoqizga kelbat bermadi.
Hind qizlari-da, Momoqizning oldidan o’ta bersin!»
Chin dildan chiqqan mana bu qalb sadolari esa kishining ko’ngil torlarini favqulodda chertib o’tadi: «Har qanday er ko’ngilning qiz ko’ngilga aytajak gaplari bo’ladi. Ko’nglida shu gapi bo’lmagan yigit — yigit emasdir! Shu gapni qaysidir yigitdan intizor bo’lib kutmagan qiz-da — qiz emasdir! Dunyoga keldim, deb o’tirmasinlar!
Birov, bu gapni bir so’z bilan aytadi. Birov, ko’p so’z bilan aytadi. Tag’in birov, aytolmay qoladi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:06:01
Nasim oshna, men o’z gapimni Momoqizga aytolmay qoldim! Nasim oshna, Momoqiz haliyam ko’nglimning tub-tubida yashaydi». Hozirgacha ishq-muhabbatni kuylagan bir dunyo asarlar bitilgan. Lekin ulardan barmoq bilan sanarlisigina jahon adabiyoti durdonalari xazinasidan o’rin olgani rost. Chunki har qanday ijodkor  ham ana shu SEVGI deb atalmish umumtilni tushunib, uni his qilib asar yarata olmaydi! Uni yaratish uchun Siz yozganingizdek, qalban his qilish, intuitsiya kerak! Siz — o’zingiz esa ana shu umumtilda asar yozib qo’yibsiz! Yozgandayam «qotirib» yozibsiz-da!
Biz bu bilan Sizni maqtamoqchi emasmiz. Lekin boshqalar qatori meni ham bir narsa qiynaydi-da... Meni nega  hozir o’zimizning — o’zbek adabiyotida qalblarni larzaga keltiruvchi shunga o’xshash asarlar yaratilmayapti, degan savol o’ylantiraveradi. Shu  haqda Siz qanday fikrdasiz?
Tog’ay Murod:
— Buning sababimi? Mana, bosh sabab! Fojiali sabab!
Mana, o’zbek yozuvchisini... yozuvchi bo’lish yo’li, ulg’ayish yo’li: maktabda ertaklar, dostonlar, g’adir-budir til bilan tarjima qilingan tarjima kitoblarini o’qiydi. Yozuvchi bo’lgisi kelib, tuman gazetasiga xabar, lavhalar yozadi, barchasini to’playdi.
Havaskor qalamkash yozuvchi bo’lish uchun jurnalistika yo filologiya fakultetiga o’qishga kiradi. Qo’liga tushgan kitobni  o’qiydi, o’qib, izlanadi. O’zicha hikoyalar mashq qiladi. O’qishni bitirib, yozuvchi bo’lish uchun matbuotga ishga kiradi. Bo’ldi, shu bilan o’qib-izlanish tugaydi. Endi, bo’lajak yozuvchi ko’tarilish yo’lini qiladi. Kichik muharrir, katta muharrir, mas’ul kotib, bosh muharrir...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:06:17
Shu o’sib-ulg’ayish davrida vaqti bo’lsa, asar yozib ham turadi. O’qib-izlanish uchun esa... vaqt yo’q! Ana shu vaqti bo’lganda yozgan asari ko’klarga ko’tarilib maqtaladi, mukofotlanadi. Boisi, u bosh muharrir! Keyin, tag’in mansab-martaba sari intiladi. Yozuvchilar uyushmasida ishlaydi, boshqa yuqori lavozimlarga ko’tariladi. Oralarida ijod qilib ham turadi. O’qib-izlanish esa... yo’q. Ertadan kechgacha martaba-mansab dardi, qayg’usi, yugurib-elishlari. Yozuvchida hamon o’qib-izlanish yo’q. Yozuvchi hamon maktab, oliy o’quv yurti, talabaligida o’qib-o’rgangan izlanishlari kuch-qudrati bilan ijod qiladi. Ya’ni, birinchi doston yoki asari qanday badiiy saviyada, darajada bo’lsa, o’ninchi asari ham ana shunday darajada bo’ladi. Talabalik yillari topgan badiiy daraja bilan ijod qiladi. Boisi, o’qib-izlanish yo’q. Ertadan kechgacha mansab-martaba... yana-tag’in tirikchilik tashvishlari... To’qson olti foiz o’zbek yozuvchisining yozuvchilik ijod yo’li ana shunday.
Jasur Kengboev:
— Kim biladi, balki shundaydir...    Men bu  gaplaringizga qo’shilgim keladi..
Odatda, insoniyatni ezgulikka yetaklovchi kuch sifatida Adabiyot tilga olinadi. Chunki adabiyotning kuchi ko’ngil-yurakka qaratilgan bo’ladi. Shuning uchun uning kuchini uncha-muncha narsa bilan qiyoslab bo’lmaydi. Nazarimda, faqat Abdulla Qahhorninggina adabiyot  haqidagi mana bu fikri bundan mustasnoday tuyuladi: «Adabiyot — atomdan kuchli»
Endi do’ppini boshdan olib, mundoq bir o’ylab qaraylik... O’sha Adabiyot, asarlar o’z-o’zidan yaraladimi? Aslo! Fikri ojizimcha, adabiy-badiiy asarlar ijodkor-yozuvchidan juda ko’p narsani — vaqt, turmush tashvishlaridan xoli bo’lishni, mashaqqat chekishni talab  qiladi. Axir, bir nima qurbon qilmay boshqa bir nimaga erishib bo’lmaydi! Abdulla Qahhor shuni nazarda tutib, «Adabiyot — ko’ngil ishi, ilhom samarasi. Tuyg’usiz, ilhomsiz yozilgan asarlar changlanmagan gulga o’xshaydi — meva tugmaydi», degan edi...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:06:33
 Haqiqatan ham, biz badiiy asarning inson tafakkur va ongi rivojidagi o’rni katta ekanini juda yaxshi bilamiz.O’qib-izlanish shu ma’noda, nafaqat, qalamkashlar uchun, balki  har qanday tafakkur egasi uchun juda zarur. Siz yosh qalamkashlarga bu borada qanday   maslahatlar berasiz?
Tog’ay Murod:
— O’qib-izlanish bu — poydevor demak, teran tomir demak. Ichki kuch-qudrat buloqqa o’xshaydi. Buloqni yo’lida qanaqa qiyinchilik bo’lmasin, baribir otilib chiqadi. Chunki buloqda ichki kuch-qudrat bor, poydevor bor. Bu poydevor yillar mobaynida to’planib, yig’ilib, qudratli kuchga aylanib qoladi. Uni hech bir to’siq, qiyinchilik to’xtata olmaydi. Bu kuch-qudrat ko’p yillar oqimi samarasi.
Hatto, urush davrida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Ocharchilik yillarida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan.  Qamoqxonalarda buyuk asarlar yaratilgan.
Yozuvchi, adiblar ijodiy yo’lini, umrini, hayotini olis masofaga yugurish poygasiga o’xshatgim keladi. Marafon poygasi yo’liga o’xshatgim keladi. Poyga yo’lagi bo’ylab chopib boruvchi poygachilarga o’xshatgim keladi. Bunday olis masofa poygasida oldindan, azaldan puxta, pishiq mashq qilgan, suyagi shunday poygada qotgan, ya’ni poydevori pishiq, beli baquvvat, poydevori zaminli poygachi so’nggi marraga yugurib boraveradi. Yoshligida shunchaki besh-olti mashq olgan, shunchaki orzu-havas bilan yo’lga chiqqan poygachilar esa yo’l-yo’lakay arosatda qolib ketaveradi. Birov o’pkasi to’lib qolib ketadi. Birovi irodasi yetmay qolib ketadi. Birovi kuch-qudrati yetmay qoladi, birov turli-tuman bahonalar topib qolib ketadi.
O’zbek adiblari ana shu poygachilarga o’xshaydi. Ijodiy yo’lni ana shu poyga yo’liga o’xshataman! Yozuvchini ana shu poygachilarga o’xshataman.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:07:02
Yozuvchi borki, umr bo’yi o’qib-izlanishi kerak. Yozuvchi o’lganda pensiyaga chiqadi. Yozuvchi o’lganda tinadi!
Jasur Kengboev:
— Siz, «Men qaerga borsam, yozuvchi nomi bilan boraman, qaysi darvozani ochsam, yozuvchi nomi bilan ochaman», degan edingiz. Siz o’z gapingiz ustidan chiqdingiz. Adib sifatida aytishingiz kerak bo’lgan hamma gaplarni o’z tilingizda, o’z uslubingizda, asosiysi, o’z ko’nglingizda aytib bo’ldingiz, xalqimizni hech kimning xayoliga kelmagan favqulodda fikrlaringiz bilan oshno etdingiz. Sizdan yozuvchilikni o’rganmoqchi bo’lgan yosh, bo’lajak qalamkashlarga Siz — yozuvchi Tog’ay Murod nimalar degan bo’lardingiz?
Axir,  har qanday yozuvchi o’zi bosib o’tgan ijodiy yo’liga nazar tashlar ekan, ijod  haqida,  adabiyot haqida o’z fikr-mulohazalarini, ta’rifini beradi. Masalan, o’zbek adiblaridan Cho’lpon «Adabiyot — har bir millatning hisli ko’ngul tarixining eng qorong’u xonalarida maishat(tirikchilik)ning ketishiga qarab har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydurgon bir guldur», dedi, Abdulla Qahhor esa: «Adabiyot — hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi», dedi. Siz — Tog’ay Murod yozuvchi sifatida bosh harflar bilan bitiluvchi ADABIYoTga  qanday ta’rif berardingiz? Sizningcha, ADABIYoT— o’zi  nima?
Tog’ay MUROD:
—  Rabindranat Tagor aytmish adabiyot — bu ulkan bir qasr, demakdir. Ulkan qasrning esa darvozasi hamisha bitta bo’ladi. Bu darvozadan hamma bir xil yo’l  bilan kiradi. Lekin kira olmay qoluvchilar ham juda ko’p bo’ladi. Bular alamidan ana shu qasr tevaragida shovqin solib, «ura-ura» qilib yuradi. Olisdan qaragan odam bu ulug’ qasr egalari shu baqiroqlar, deb o’ylaydi. Aslida esa bular adabiyot deya atalmish ko’hna qasr darvozasini topa olmay yurgan alamzadalardir.
Adabiyot qasrini qanday zabt etsa bo’ladi? Adabiyot darvozasidan qanday kirsa bo’ladi? Asl ijodkor Adabiyot qasrini o’z asari bilan zabt etadi. Asl ijodkor el-yurtga «ura-ura» gaplari bilan emas, badiiy asarlari bilan xizmat qiladi.

R.S. Yozuvchi Tog’ay Murod bilan ushbu suhbat xayolan  uyushtirildi. Bunda yozuvchining kundaliklari, nashr etilgan asarlari va intervyularidan foydalanildi. Ustoz adibga esa XAYoLAN TAShAKKUR bildirib  qolamiz...
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:07:51
FARRUX   JABBOROV

BIZ   BAXTLI  ODAMLARMIZ
I

1. Yettinchi sinfda o’qirdim. Jizzax viloyatidagi 1-sonli litseyga kirganimga bir yil bo’lgan. Sheron ismli sinfdoshim «Ot kishnagan oqshom» kitobini ko’tarib yurgan ekan. Uyoq-bu¬yog’ini ko’rdim-da, qaytarib berdim: «Shu ham asar bo’ldi-yu!» — deganday. Chunki o’sha vaqtlari biz o’qiydigan kitoblar bunaqa emasdi-da! Xullas, ilk uchrashuvda Tog’ay Murod menga sirlarini ochmadi. Bu orada o’zimcha «klassik» deb o’ylagan yozuvchilarni o’qib yuraverdim. Yozgi ta’tilda Zebo opamdan kitob so’rasam, qo’limga «Otamdan qolgan dalalar» romani va «Ot kishnagan oqshom» nomli qissalar to’plamini tutdi. Oldin istamaygina varaqladim. Sekin-asta yozuvchi uslubiga o’rganib, ich-ichiga kirib bordim. Ta’tildan qaytdik. Ko’pgina sinfdoshlarim ham bu asarlar bilan tanishib ulgurgan ekan. Yosh tafakkurimiz bilan o’qigan kitoblarimizga fikr bildirib bahs¬lashish odatimiz bor edi. Yozuvchilarni «yaxshi-yomon»ga ajratardik o’zimizcha. Lekin Tog’ay Murod haqida bahs bo’lmadi. Nega? Bilmadim. Biz uni tushunolmaganimiz  uchun emas, tushunganimizdan, boshqacha anglaganimizdan bir gap ayta olmadik. Faqatgina «yaxshi», deya olardik, xolos. Nima uchun yaxshiligi go’yo mutlaq haqiqat singari isbot talab qilmasdi. Tog’ay Murod «muhokama»ga qo’yilmas, faqat o’qilar edi. Qizig’i,  bir roman, to’rt qissa bilan tanishib chiqqan o’quvchilar o’zlari bilgan-bilmagan boshqa barcha ijodkoru kitoblarni inkor qila boshladi. Kimdir ko’p kitob o’qigani bilan maqtansa, «Tog’ay Murodni o’qiganman-ku! Shuning o’zi yetadi», degan da’volar tez-tez quloqqa chalinar edi. Ko’p o’tmay litseyda «Oydinda yurgan odamlar» qissasidagi uchinchi shaxsda gapirish odati urf bo’lib ketdi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:08:09
— Kitobini berib tursin.
—  O’zi o’qiydi-da!  Boshqadan so’rasin.
Bizning Tog’ay Murod uslubidagi suhbatimizga o’qituvchilar ham qo’shilib turar edi. O’shanda, ayniqsa, shaharda o’qiydigan bir guruh qishloq bolalariga kitoblar qattiq ta’sir qilgandi. Ularni onamizni sog’insak, qayta-qayta o’qirmidik, qishlog’imizni qo’msasak, tag’in o’qirmidik... bilmadim-u,  lekin tortishuvlarsiz jimgina mutolaa qilganmiz.

   2.Abiturientlik. Bunday paytda har lahza qadrli. Maqsaddan og’ishmaslik kerak: test, test, test! Tog’ay Murodga ixlosi baland ijodkorlardan Sa’dina Bobomurodovaning kutubxonasida «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanini ko’rib qoldim. Nima bo’lsa-da, o’qimasam bo’lmasdi. Menda shunday holat bor: bir yaxshi asar o’qisam, shu muallifning boshqa kitoblarini qo’rqib qo’lga olaman. Chunki keyingisi sizga yoqmasa, yozuvchi haqidagi tasavvuringiz salbiy tomonga o’zgarib ketishi mumkin. Yo’q, o’sha safar bunday bo’lmadi. Kitob o’qiganda bu yaxshi, bu yomon deb ajratishga o’rganib qolgan ekanmanmi yo bizga shunday o’rgatishganmi, ishqilib, «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani oldida lol qolgan edim!
   Tog’ay Murodga bo’lgan ixlosim qat’iylashdi. Yozuvchi bilan uchrashish istagi maqsadga aylandi. Toshkentga borsam, Tog’ay Murod va Rauf Parfi bilan aniq uchrashaman, deb ko’nglimga tugib qo’ydim.

   3. «Jizzax ovozi» gazetasiga borsam, bir guruh jurnalistlar Tog’ay Murod haqida suhbatlashib o’tirgan ekan. Adabiyot shinavandalari orasida u kishi to’g’risida har xil rivoyatnamo gaplar yurar, Tog’ay Murod bunday davralarning tipik qahramoniga aylanib qolgandi. Fotima Shodievaning qo’lida «Hurriyat» gazetasi. Unda Tojiddin Razzoqning «Tog’ay Murod» degan maqolasi chiqqan ekan. Qiziqib gazetani qo’lga oldim: «Tog’ay Murod yuzdan oshib ketsa kerak, deb yurardim...» Nima?! Bir sergak tortdim-u, o’qishda davom etdim. Chunki tasavvurimda Tog’ay Murod mangu yashaydiganday edi. Hali men uchrashishim kerak-ku! Maqola oxirlamasdan kimdir yonimga keldi:
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:08:31
 — Shu kishiyam olamdan o’tibdilar...  Demak, bu dunyoda odam o’lar ekan...
Yana boshqa bir ovoz eshitildi:
— Rahmatlik buyuk...
   — Unday demang! Bu so’z marhumlarga nisbatan ishlatiladi. Axir, Tog’ay Murod tirik! TIRIK!
   4. Ajal qamchisi bir bor aylanib, oydin tunda, ot kishnagan oqshomda  yonib turgan yulduzni uzib ketibdi. Avvaliga shumxabarga ishonmadim. Ishongim kelmadi. Ko’rgan-bilganimdan qayta-qayta so’radim, «Yolg’on!» — deya aytarmikin deya so’radim. Lekin dunyodagi hamma narsa biz o’ylaganday bo’lavermas ekan. Buni hayot deydilar axir! Ich-ichimdan bir kuch ko’tarilib keladi. Bir nido ko’ksimni yorib chiqib ketay deydi. Xayolimda esa misralar charx uradi. Tobora tartibga kelib tizimlashib boradi:

«Men o’zbekka haykal qo’yaman!»
«Men o’zbekka haykal qo’yaman!» —
Eshitildi na’ra, hayqiriq,
O’zbeklikdan g’urur tuyaman.

Oydin tunda yurgan odamlar,
Ot kishnagan sokin oqshomlar,
Yulduzlar ham mangu yonadi,
Dehqon o’tgan «Ketmon» bobomlar.

«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»,
Lek ustunday turib bo’lmaydi.
Balki o’lar sotqin, xoinlar,
El farzandi sira o’lmaydi!

Tog’ay Murod o’lmagan go’yo,
Mangulikka qilganday da’vo.
Tirik haykal bo’lib turibdi
O’zi qo’ygan haykallar aro.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:08:45
5. Toshkentda taqdir meni Mahmud Sa’diy  bilan uchrashtirdi. Domlaning darslari adabiyotga qiziquvchilar uchun bahs-munozaraga aylanib ketardi:
— «Falon-falon» kitoblarni o’qiganman,  — maqtangan bo’ladi bir talaba.
Domla, tilga olingan asarlar kazo-kazolarga tegishli bo’lsa-da, hech tap tortmay:
— G’irt bemaza kitoblar o’qigan ekansan, — deydi. — Sening o’qiganlaring yomon emas. O’zimiz uchun bo’ladi. Agar o’rischa-po’rischa qo’shib qurama qilib yozmayman, sof o’zbek tilida yozaman desang, Tog’ay Murodni o’qib qo’y!
   Sa’diy domla bizga Tog’ay Murod adabiy mahorati, tahrir san’atidan maxsus darslar o’tdi. Talabalar orasida ham Tog’ay Murod shaxsiyati va ijodiga qiziquvchilar ko’p ekan. Shunday muxlis kursdoshlar birgalikda Darxonga, yozuvchi xonadoniga yo’l oldik.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:09:07
II

   1. Tog’ay Murod asarlarining tili mashhur turkiy bitiklarni eslatadi (Mahmud Sa’diy). Toshning bag’rini o’yib yozish oson ish emas. Har bir gap qayta-qayta tahrir qilinib, suvi qochirilib keyin bitiladi. Bu asarlar toshlar kabi asrlar bo’yi yangraydi, jaranglaydi. Ko’p narsani anglatib, isbotlab turadi. Tog’ay Murod so’zga juda tejamkor. Uning kitoblarida butun-butun boblar bir-ikki gapdan iborat bo’lishi mumkin. Yozuvchi xuddi toshga bitayotganday «yuki bor so’z»larni saralaydi.  Peyzajlar-da o’ziga xos: qisqagina, lekin o’ta ma’nodor. Masalan, «Yulduzlar mangu yonadi» qissasining so’nggi bobini olaylik:  «To’yxona eshigi tarafdan odam ovozi eshitildi. Qo’y ma’rashi eshitildi...» Sokin tunni his qilganday, o’zbek hovlisini ko’rganday, qo’y ma’rashini eshitganday bo’lasiz. Oddiy manzara. Lekin  yozuvchi nega ovozlarni aynan ikkiga ajratib ko’rsatyapti? Nega qo’y ma’rashiga e’tibor beryapti? Bu manzara qissani xulosalagan so’ngso’zday yangraydi. Tog’ay Murod asarlarida sifatlashlardan kam foydalanilganini kuzatish mumkin. Bu mavhumlikdan qochishga, tasvirlarning kishi tasavvurida aniq paydo bo’lishiga xizmat qilgan. Masalan, Tog’ay Murod «kerildi» demaydi, «Yo’q qorinni oldinga tashladi», deb yozadi.

   2. Dunyoning turli burchaklarida bomba portlashi, o’q ovozlari tez-tez eshitilib turibdi. Hammayoqda texnika taraqa-turug’i. Shaharning shovqini jonga tegib ketadi. Bir taskin izlab, bir xillikdan bezib, Tog’ay Murod asarlarini qayta-qayta varaqlayman. Ularda sokinlik bor, tabiatga uyg’unlashib ketgan tinch hayot bor. To’y bo’ladi. Bobolar qo’y yetaklab to’ylaydi. Momolar tog’ora ko’tarib to’ylaydi. Olish bo’ladi. O’g’illar oriyat uchun olishadi. Kuni bilan qizigan tuproqning suv sepilgandan keyingi yoqimli hidi dimoqqa urib turadi. Men uchun tobora uzoqlashib borayotgan manzaralar. Shom quyoshiday botib borayotibdi. Bu damlar faqat Tog’ay Murod asarlarini o’qiganda qaytishi mumkin. Ularda  tiniqlik bor, musaffolik bor, samimiylik bor...
Tog’ay Murodning  yulduzlari mangu yonadi!  Hali kitobxonlar ajdodlarini sog’inib-sog’inib, qo’msab-qo’msab bu kitoblarni o’qiydilar.
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:09:29
3. Oqshomlarning sokinligini otlarning kishnashi buzadi. Tog’ay Murod ijodxonasida yana bir asar tug’iladi. To’lg’oq bilan yaralgan tafakkur farzandlarini ba’zilar oddiygina qilib ta’riflab qo’yishadi: kurash haqida, ko’pkari haqida, farzandsizlik haqida... — bularning bari vosita, kompozitsiyani bog’lab turuvchi tizim.  Tog’ay Murod asarlarini shunchaki xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlarini tasvirlash  maqsadida yozmagan. Maqsad boshqa: hammaning boshida bor savdo, hammaning boshida bir savdo!
Odam o’zi haqida gapirsa, umuman, zerikmaydi. Yaxshi she’r o’quvchining o’zi haqidagi asar. Tog’ay Murod qissalari ham shunday. Aslida haqiqiy adabiyot voqelikni emas, unga qaragan odamni aks ettiradi. Ustoz asarlarini o’qigan kitobxon unda o’zini ko’raverishi shundan. Har bir jumladan hissiyot ufurib turadi: o’quvchini emotsiya bir dam tark etmaydi. To’lib-toshib o’qiysan kishi. Xuddi syujetda odamlar emas, tuyg’ular harakatlanayotganday. Yozuvchi tasvirlagan peyzaj qishloq manzaralari emas, inson qalbi chizgilari. Voqealar shunchaki orqa tasvir vazifasini o’taydi.   

4. Tog’ay Murod biz bilgan olam haqida asarlar yozmadi. U o’zi dunyo yaratdi: bu olamning o’z insonlari bor, o’z shaytonlari bor. Asarlaridagi zamon va makon tushunchasi-da, o’ziga xos. Tog’ay Murod kitoblarini  sobiq Ittifoq davrida Surxon tomonlarda yuz bergan voqealar deb ta’riflash noto’g’ri nazarimda. Bularning barchasi Tog’ay Muroddan qolgan dalalar, unumdor, ke-e-e-eng dalalar... Endi ularga paxta ekilmaydi. Ularga mehr ekilgan, mahorat ekilgan. Hali bu serunum yerlardan oziqlanib  chinorlar o’sib chiqqusi...
   O’zbek nasrchiligida Abdulla Qahhor maktabi ko’p e’tirof etiladi. Bu maktabning o’quvchilari keyinchalik adabiyotimiz ustunlariga aylanishdi. Ulardan biri Tog’ay Murod o’zbek nas¬rini yangilab berdi. Shuningdek, u o’zbek nasrchilik maktabini ham yangilagan ko’rinadi. Tog’ay Murod haqiqiy adabiyotga qanday yondashish kerakligini o’zining hayoti va ijodi bilan ko’rsatib ketdi. Uning mavzu doirasidan ta’sirlanib, mahorat ustaxonasidan foydalanib qog’oz qoralayotgan tengdoshlarimizni ko’p uchratamiz. Tog’ay Murod maktabi adabiyotimizga, shuningdek, jahon adabiyotiga ham yangidan-yangi ijodkorlarni yetishtirib bersa ajab emas.
      
Nom: Re: Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Yuborildi: Ansora 06 Mart 2010, 22:09:48
Hurmatli kitobxon!

Mana, sevimli yozuvchimiz Tog’ay Murod xotirasiga bag’ishlangan kitobni mutolaa qilib bo’ldingiz. Bu, mavzu nihoyasiga yetdi, degani emas. Hali adib haqida juda ko’p yoziladi, xotirlanadi, ijodi o’rganiladi. Mazkur yodnoma to’g’risidagi taassurotlaringiz, fikr-mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga maktub yo’llab, biz bilan o’rtoqlashishingiz mumkin:
[email protected]
Unutmang, hech qaysi maktubingiz e’tiborsiz qolmaydi.