forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => Mavzu boshlandi: AbdulAziz 17 Avgust 2010, 17:52:52

Nom: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: AbdulAziz 17 Avgust 2010, 17:52:52
Assalomu alaykum!
Yoshligimda qariyalar bilan ko’p muomala qilganim uchunmi, juda ko’p ezgu odatlarni xotirlayman. Ularning ba’zilarini hozir ham ko’rib qolaman, ba’zilarini esa armon bilan eslayman. Zamonaviy dunyoda texnologiyalarning rivojlanib ketishi odamlarni dangasa qilib qo’yyapti, degan fikrga qo’shilaman. Buning oqibatida esa, ba’zi ezgu odatlarimiz ham xotiralarda qolib ketmoqda. O’zim tug’ilib o’sgan Marg’ilon shahri misolida shulardan esimga tushganlarini zikr etsam:


1. "œVaqti saxar"
Ramazon oyida saxarlik payti mahallalarda ovozi baland kishilar "œVaqti saxar" deya saxarlikka uyg’otishardi. Odatda bundan munodiylar velosiped minib olib, mahallaning u boshidan bu boshiga qadar baland ovozda "œVaqti saxar. Uyg’oninglar" deb chiqishardi. Bu odat hozirda Marg’ilonning ba’zi mahallalarida saqlanib qolgan.

2. "œFalonchi akamnikiga to’ygaa!"
To’y marosimlarida ham xuddi shu munodiylar bomdod namozi o’qilmasidan ilgari "œHey falonchi, Falonchi akamnikiga to’yga!" deb har bitta xonadonga uzoqdan ovoz berib chaqirishadi. Bu odat ham hozirda eski mahallalarimizda saqlanib qolgan.

3. Ventilyator-odam
Yoz kunlarida masjid xonalarida kishilar katta yelpig’ich olib, xona o’rtasida turib, namozxonlarni yelpib turishardi. Shu odatni anchadan beri ko’rmadim. Vaholanki o’sha paytlarda ham ventilyator, konditsioner bo’lardi, lekin savobtalab musulmonlar bu xususda ham ilg’or edilar.
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: AbdulAziz 17 Avgust 2010, 18:03:39
4. Harakatlanuvchi suvdon
Yana yozning issiq kunlarida masjid xonalari bo’ylab, paqirda muzday suv olib, krujkalarda tarqatilardi. Bu odatni yaqinda tarovih xatmida ham uchratib xursand bo’ldim.

5. "œObi xudoyi"
Yoz kunlarida bozor va masjid ko’chalariga kichik baklarda muzday suv olib chiqib qo’yib, ichiga zam-zam suv aralashtirib qo’yishardi. Bironta ko’rinadigan joyga esa "œObi xudoyi" deb yozib qo’yishardi. Yo’lovchilar esa yozuvni ko’rishi bilan o’sha suvdan kelib, chanqog’i qongunicha bemalol ichishi mumkin edi. Odatda suv egasi ko’rinmasdi. Lekin baklar bo’shab qolganda, yana to’ldirib qo’yilardi.

6. "œAyroni xudoyi"
Jome’ masjidlarida juma kuni jum’adan chiqqanlarga bepul ayron tarqatilardi. Esimda, Marg’ilon dehqon bozori ro’parasidagi taronbozori masjidi yonidagi gazsuvxonada har juma bepul gazsuv tarqatilardi.
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: AbdulAziz 17 Avgust 2010, 18:14:32
7. Go’rkovlikka yigitlar
Mahallada kimdir vafot etsa 4-5 ta yigitlar qabristonga borishardi-da, qabr qazish ishida qatnashiashardi. Hozir ham bu odat saqlanib qolgan.

8. "œXudo rahmati"
Janoza namozi o’qilib, mayyitni qabristonga olib kelib ko’mish marosimi tugagandan so’ng bir kishi o’lgan inson haqida "œFalonchi aka qanaqa inson edilar?" deb so’raydi. Jamoat esa "œXudo rahmati!" deb guvohlik berardi. Musulmonlarning bir birodarlari haqida uning safari oldidan ezgu guvohliklari yaxshi odatdir. Bu odat ham eski mahallalarda saqlanib qolgan.

9. Azador kishilarga ziyofat
Azador xonadoni qayg’u zo’ridan ovqat qilishga ham holi bo’lmaydi. Shunday kunlarda qo’shnilar azadorning xonadoniga navbat bilan ovqat pishirib berishadi. Payg’ambarimiz s.a.v. ham shuni tavsiya etganlar. Bu odat saqlanib qolgan.
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: AbdulAziz 17 Avgust 2010, 18:19:31
10. Xashar bor yurt yashar
Xalqimizning ezgu odatlaridan biri xashardir. Bunda mahalla a’zolarining bir-biriga mehri ortadi. Xasharning yana bir ezgu odati qo’shnisinikida xashar bo’lsa, yon qo’shnilari uning ovqatini qilib berishadi. Biri ovqat qilib bersa, biri meva olib chiqadi, biri muzday sharbatlar qilib chiqadi. Xullasi, xashar qilayotgan odamning o’sha kungiu harajatlari qo’shnilar tomonidan qoplanadi. Bu odat saqlanib qolgan.

11. Iffat va olijanoblik
Bunisini shaxsan guvohi bo’lmaganman. Lekin guvohi bo’lganlar bilan ko’p suhbat qilganman. Biz ko’rmagan zamonlarda uylarda vodoprovod bo’lmagan, hamma hovuzdan suv ichadigan payt ekan. Shunda ayollar suvga chiqishdan hayo qilisharkan-da, darvozalarining tagiga paqirlarini qo’yib qo’yishardkan. Yo’lda ketayotgan erkaklar esa paqirni ko’rishlari bilan hovuzga borib suv olib kelib, yana darvoza tagiga qo’yib ketisharkan.

PS. Hozircha esimga tushganlari shular.
Siz ham eslab ko'ring. Qanday ezgu odatlarni sog'indingiz?
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: AbdulAziz 23 Avgust 2010, 11:59:35
12. Allohning mehmoni
Bir sinfdoshimning familiyasi Hojixonov. Bonosi piyoda hajga borib kelgan ekanlar. 6 oy borishga, yana 6 oy kelishga vaqt ketgan ekan. Shuning uchun ismlarini Hojixon deyisharkan. Shu muborak zot uyda kechqurun hech qachon mehmonsiz ovqatlanmas ekanlar. Ibrohim alayhissalomning odatlaridan bu kishida ham bor ekan. Shomdan keyin yo'lga chiqarkanlar-da, bozor, masjid atrofidagi musofirlarni olib, to'g'ri uyga kelarkanlar-da, mehmon bilan birgalikda ovqatlanarkanlar, ertasi kuni esa manzilga kuzatib qo'yarkanlar. Bir kelgan tanish deya, doim xonadonlaridan mehmon arimas ekan... Allohim, shundayin insonlarni jannatingda mehmon ayla!
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: yoqutxon 20 Sentyabr 2010, 06:31:17
Assalom aleykum. Men o'zim guvoh bo'lgan odatlarimizdan biri bu yuqorida aytib o'tilgan " falonchi akanikiga to'yga" deb jarchi har bir ko'chani aylanib chiqishi.O'shanda uzoqdan jarchining ovozi eshitilishni boshlaganidan uydagi hamma yosh bolalar derazani tagiga borvolardik, aynan kimnikiga ekanligini yahshi eshitvolish uchun :D Hozir to'y bo'lsa kamdan kam jarchiga murojat qilishadi. Taklifnomalardan foydalanilayapti.
Keyin hozir eslasam faqat to'yga deb emas, " faloncha akanikiga ertaga hasharga" deb ham chaqirishardi. Butun qishloq eshitib birov ketmon birov yana bir boshqa narsani ko'tarib to'g'ri o'sha odamnikiga borishardi.Bir pasda hashar  boshlanib ketardi. Keyin oldinlari ko'pchilikning uyining darvozasi bo'lmasdi.Bu balki odamlarning bir biriga bo'lgan ishonchidandir. O'g'rilik yo'q bo'lganligidandir. Hozir qayoqda deysiz... Yildan yilga  bu ezgu odatlarimiz bilan birga odamlar orasidagi ishonch, mehr , oqibat ham yo'qolib borayotganday go'yo....
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: AbdulAziz 19 Yanvar 2012, 09:11:44
Biz tomonlarda eskidan bir yaxhi/yomon odat bor: biron transportga tanishingiz bilan birga chiqib qolsangiz, do'stingiz uchun ham pul to'lab tushasiz.

Yaxshi tomoni: O'zaro mehr-oqibat mustahkamlanadi. Xayr-ehsonni do'stlarga ulashiladi.

Yomon tomoni: Bu odatning ixtiyoriy-majburiy ko'rinishga kelib qolgani. Masalan, sizda yo'lkirayu yana nimagadir rejalashtirib qo'ygan pulingiz bor. Bir tanishingiz bilan Damasga chiqdingiz-u, siz unga ham to'lavordingiz, rejalashtirgan ishingizga putur yetishi mumkin. Odamda har xil holat bo'ladi.

Yana bir odat: agar kira qilayotgan haydovchi tanishingiz bo'lsa, manzilga yetganda haydovchi: "Bo'ldi, tushavering" deya pul olmaslikka harakat qiladi. Lekin bu holatda har doim ham samimiylik bo'lmaydi. Shuning uchun ham men "Aka, olib qo'yavering, bu yo'l haqi" deb pul berib tushaman. Chunki u ham tirikchilikda yuribdi.
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: Abdulhafiz 19 Yanvar 2012, 09:51:23
Iqtibos
6. "œAyroni xudoyi"
Jome’ masjidlarida juma kuni jum’adan chiqqanlarga bepul ayron tarqatilardi.
Esimda, Marg’ilon dehqon bozori
ro’parasidagi taronbozori masjidi
yonidagi gazsuvxonada har juma
bepul gazsuv tarqatilardi.
Hozir ham ayron, o'rik sharbati kabilarni tarqatishadi, faqat pulga. :)
Bepulga tarqatishganini biror joyda, biror marta ham ko'rmagan ekanman.
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: Ummu Muslima 19 Yanvar 2012, 11:29:51
 :asl3:
mavzuni o'qib bir narsa esimga tushdi,

bundan 25-30 yillar avval bir Opoqi bo'lardilar,
soqoli oppoq  bu nuroniy Otahon har Jum'a kunlari
bolalarga shirinlik tarqatib yurar edilar,bodroq,don-don qant va hk...lar,

mahalladagi hamma bolalar Jum'a bo'lishini Opoqi kelishini kutardik :)
uyimizda o'sha shirinlikdan bor bo'lishi mk ,lek Otahonni qo'lidan olish zavqli edi-da ;)

bu Otahon kim, qayerlik,qayoqdan kelib yana qayolarga ketarkin hech kim bilmasdi...
Alloh rahmat qilsin.

 
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: muxlisa 19 Yanvar 2012, 16:29:46
Arafa oshi.
Bu udum boshqa joylarda bormi yo'qmi bilmayman. Toshkentda hayit bayramidan bir kun oldin osh damlanadi. Uni arafa oshi deyiladi. Arafa oshidan maqsad oshi atrofdagi qo'ni-qo'shnilarda tarqarish sababli qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlash va mehr-oqibatni ko'paytirish. Manimcha, bu udum o'tgan zamonlarda nochor, ko'pbolali qo'shnilarga bayram bahona hayr-ehson qilish bo'lgan bo'lsa kerak.
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: azizbek_mx 19 Yanvar 2012, 16:32:44
namanganda ham bor. Menimcha, yöqolib ketgani yöq bu udum. Yöqolmasin ham
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: muxlisa 19 Yanvar 2012, 16:41:48
namanganda ham bor. Menimcha, yöqolib ketgani yöq bu udum. Yöqolmasin ham
Ha, viloyatlarda bunday odatlarda qattiq qarashsa kerak. Lekin Toshkentda osh beriladigan qo'shnilar soni kamayib boryapti-da, shunga yozgan edim.
Nom: Re: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: Abu Muso 19 Yanvar 2012, 19:14:43
 :asl3:

Biz bolaligimizda onamlar non yopsalar, tandirdan uzgandan

2 tasini ikki chetdagi bir devor qo'shniga berdirib yuborardilar

bizdan. Qo'shni ayollar ham xuddi shunday qilishardi... Bizning

ayollarchi? Ular... umuman non yopmay ketishgan tandirda... :2
Nom: Javob: Yo’qolib borayotgan ezgu odatlarimiz
Yuborildi: Muxsiya 28 Fevral 2013, 17:59:41
bizni mahallada uyida kimdir o'tgan bo'lsa (garchi bir necha yil bo'lgan bo'lsayam) arafa kuni non yopib, holva qilib(bu holva deyiladi lekin bozordagi holvaga o'xshamaydi, talqonga o'xshagan, lekin judayam yumshoq va mazali bo'ladi, bizda bu hayit taomi hisoblanadi) darvozalar katta ochiladi va darvozaxonaga so'ri qo'yib uni ustiga dasturxon yozib, to'shak to'shab bitta nonni ustiga o'rtacha bir piyoladan holva to'kib ustma-ust qo'yiladi. Mahalla aylanib yurgan keksalar kimning darvozasi ochiq bo'lsa kirib Qur'on o'qib o'tganlar ruhiga duo qilinadi hamda har biri bittadan nonni tuguniga tutgib chiqib ketishadi