forum.ziyouz.com

Jamiyat va inson => Salomatlik => Tibbiy kutubxona => Mavzu boshlandi: JaviK 26 Noyabr 2010, 15:35:38

Nom: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 15:35:38
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI  AKADEMIYA



BIRINCHI TIBBIY  
YORDAM






TOSHKENT


[Katta hajmda ekanligi bois o'chirildi.]
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 15:38:30
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI
AKADEMIYA

 
 
 
 
 
 


M. N. RIZAYEV, I. R. MAVLYANOV, 
O. R. MIRTURSUNOV

 

 

BIRINCHI TIBBIY 
YORDAM

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
tomonidan IIV oliy o‘quv yurtlari
uchun darslik sifatida tasdiqlangan 

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Toshkent 2005
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 15:45:04
SO‘Z BOSHI


Bugungi kunda mamlakatimizda inson salomatligini saqlash va mustahkamlash masalalariga katta e’tibor berilmoqda. Bunga O‘zbekiston Respublikasining 1993 yilda qabul qilingan «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonuni yaqqol dalil bo‘la oladi.. Ushbu qonunning 30-bandida baxtsiz hodisalar yuz bergan joyda kechiktirib bo‘lmaydigan birinchi tibbiy yordamni militsiya xodimlari, yong‘indan saqlash xizmati, avariya xizmati, transport tashkilotlari xodimlari, qolaversa boshqa kasb vakillari ham
ko‘rsatishlari ularning vazifalari sifatida qonunlashtirilgan. Qonunning ushbu talabini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi umumiy tibbiy tayyorgarlik kafedrasining professor va o‘qituvchilari mana shu darslikni yaratdilar.  Mualliflar asosiy e’tiborni shahar va qishloq sharoitida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish masalalarini hamda odam anatomiyasi va
fiziologiyasi haqidagi ma’lumotlarni yoritishdan tashqari, ekstremal holatlarda ommabop zamonaviy reanimatsiya usullarini qo‘llashga, qon ketishini to‘g‘ri to‘xtatish usullariga, qo‘l ostidagi vositalar yordamida suyak siniqlarini immobilizatsiya qilishga, shikastlanganlarni transportda tashish qoidalariga
qaratganlar. Darslikka qo‘shimcha sifatida ichki ishlar organlari xodimlari uchun kafedra xodimlari tayyorlagan «Birinchi tibbiy yordam»  ko‘rgazmali qo‘llanmasidan foydalanish tavsiya etiladi. Ushbu qo‘llanmadagi turli xil rasmlar va chizmalar darslikda keltirilgan nazariy bilimlarni mustahkamlashga
yordam beradi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 15:45:59
Darslikni tuzishda mualliflar zamonaviy adabiyotlarga, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida ko‘p yillik pedagogik va davolash amaliyotidan hamda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimidagi institutlarda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlaridan orttirgan tajribalariga suyanganlar. 
Ushbu darslik tibbiyot masalalari bo‘yicha nisbatan kam ma’lumotga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun tayyorlangan, tuzilishi jihatidan birinchi tajriba hisoblanadi. Mualliflar Siz ko‘rsatgan barcha kamchiliklarni, taklif hamda tilaklaringizni minnatdorlik bilan qabul qiladilar. Kelajakda bu
fikr va mulohazalaringiz darslikning yangi nashrlarini yaratishda, albatta, e’tiborga olinadi.
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 15:58:06
  BIRINCHI TIBBIY YORDAM  KO‘RSATISHNING ASOSIY PRINSIPLARI. 
ICHKI ISHLAR ORGANLARI FAOLIYATIDA  TIBBIY DEONTOLOGIYANI QO‘LLASH


Har bir inson umrini uzaytirish, sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash muammolarini hal etish sog‘liqni saqlash sohasining muhim vazifasidir. Mamlakatimizda bu masalalar davolash-profilaktika yordamining, shu jumladan aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatishning tashkiliy shakllarini doimiy takomillashtirish orqali amalga oshiriladi. Sog‘liqni saqlash masalalarini to‘g‘ri tashkil qilish nazariya va amaliyotning uzviy bog‘liqligidan kelib chiqadi, ya’ni hozirgi zamon tibbiyot fani erishgan yutuqlarni amaliyotga tatbiq qilish bilan chambarchas bog‘liqdir.  O‘z vaqtida ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordam ko‘pincha baxtsiz hodisalar va to‘satdan kasallanish hollarida shikastlanganlar va bemorlar
hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omilga aylanadi. Hech bo‘lmaganda kasallikning davomiyligiga,vaqtincha ishga layoqatsizlik va nogironlikka sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda, tibbiyot rivojining hozirgi darajasida birinchi va malakali tibbiy yordamning o‘z vaqtidako‘rsatilishi o‘ziga xos ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyat kasb etadi. «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 30-bandida ichki ishlar organlari xodimlari jarohat olingan joyda, «Tez tibbiy yordam» xizmatini kutmasdan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishlari kerakligi belgilab qo‘yilgan. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 16:00:09
«Tez tibbiy yordam» xizmatini tashkil qilish 


Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish chora-tadbirlari va xizmati tizimida «Tez tibbiy yordam» xizmati alohida o‘rin tutadi. Aholining o‘tkir yurak-tomir tizimi kasalliklari, jarohat va shikastlanishlar, bolalarning, ayniqsa bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning to‘satdan kasallanishi bo‘yicha murojaat etishlari sonining oshishi umumiy sog‘liqni saqlash tizimida «Tez tibbiy yordam» xizmatining ahamiyatini yanada oshirdi. Ma’lumki, baxtsiz hodisa, shikastlanish va to‘satdan og‘rib qolish hollari ko‘pincha kutilmagan sharoit va joylarda, masalan, ko‘chada, ishlab chiqarishda, transportda, jamoat va turar joylarda yuz berishi mumkin. Bu esa tashxis qo‘yish hamda shikastlangan shaxs ahvolining og‘irligi, jarohat va kasallikning xususiyatiga qarab shoshilinch yordam ko‘rsatish masa-
lalarini qisqa vaqt ichida hal qilishni taqozo etadi. Zero, bemorning hayoti va og‘ir kasallikdan yoki olingan shikastlanishlardan davolanishningnatijasi ko‘p jihatdan zarur shoshilinch yordamning o‘z vaqtida ko‘rsatilishiga bog‘liq. Shu bilan bir qatorda, shoshilinch tibbiy yordamning aniq va sifatli ko‘rsatilishi kasallangan va shikastlangan bemorlarning statsionar sharoitdagi taqdiriga ham ta’sir ko‘rsatadi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 16:05:42
Katta shahar sharoitida ham, qishloq sharoitida ham shoshilinch gospitalizatsiya ma’lum vaqtni talab etadi. Kritik (hayot uchun xavfli) bo‘lgan holat esa ancha avval kelib chiqishi va o‘limga olib kelishi
mumkin. Demak, bemor yoki jarohatlangan shaxs hayotini saqlab qolish-ning muhim va eng oqilona sharti shoshilinch tashxis qo‘yishning samarali usullarini qo‘llash va (minimal hajmda bo‘lsa ham) davolashni imkon qadar amalga oshirishdan iboratdir.  Hozirgi kungacha tez va shoshilinch yordam ko‘rsatishning eng muhim vazifasi bemor va shikastlanganlarga shoshilinch tibbiy yor-damning eng oddiy turlarini ko‘rsatib, tezlik bilan ularni kasalxonaga olib borishdan iborat edi. Hozirgi vaqtda kasalxonagacha bo‘lgan davrda tashxis va davolash tadbirlarining hajmi miqdor va sifat jihatdan kengaydi. Albatta, bunga hozirgi zamon tibbiyot fanining rivojlanishi, aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni yaxshilashga qaratilgan bir qator tadbirlarni hayotga joriy qilish yordam berdi. 
Hozirgi vaqtda respublikamizdagi tez va shoshilinch yordam xizmati ko‘p sonli vrachlar va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatadigan ixtisoslashgan muassasalarning rivojlangan tarmog‘ini tashkil qiladi. Bu muassasalar kasalxonagacha bo‘lgan bosqichda hamma turdagi tibbiy
yordamni ko‘rsata oladigan tajribali mutaxassislar bilan ta’minlangandir. «Tez yordam» xizmati tarkibida ixtisoslashgan brigadalarning tashkil qilinishi va o‘tkir og‘ir kasalliklarga uchragan bemorlarga uy sharoitida xizmat ko‘rsatishning kengayishi hisobiga tibbiy yordam hajmi oshdi.
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 16:12:26
Surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlar sonining o‘sishi va kishilarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining oshishi aholi o‘rtasidagi kasallik tarkibining o‘zgarishiga olib keldi. Kasalxonagacha bo‘lgan bosqichda bemor va shikastlanganlar hayotini saqlab qolishga qaratilgan tashxis va
davolash chora-tadbirlarining to‘laqonli kompleksini qo‘llash imkoniyati yaratildi. Bu esa, o‘z navbatida, tez va shoshilinch yordam xizmati xodimlariga nisbatan talabni kuchaytirdi.  Shahar va qishloq sharoitlarida tez yordam ko‘rsatish prinsiplari bir xil bo‘lishiga qaramay, uni tashkil qilish va amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlari mavjud.  Katta shaharlarda uning uzoq tumanlari aholisiga shoshilinch tibbiy yordamni qisqa vaqt ichida ko‘rsatish hamda bu xizmatga operativ rahbarlik sifatini oshirish uchun «Tez va shoshilinch yordam stansiyalari» tashkil qilindi. Ular ma’muriy va operativ jihatdan shahar tez yordam stansiyasiga bo‘ysunadilar (Toshkent, Andijon va boshqa yirik shaharlarda). 
Qishloq joylarida tez va shoshilinch tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish markaziy tuman kasalxonalari (MTK) qoshida tashkil qilingan «Tez yordam» bo‘limlariga yoki mustaqil stansiyalarga yuklatilgan. Bunday bo‘limlar qishloq tumanlarining boshqa kasalxonalarida — uchastka, tumanlararo, korxonalarning tibbiy sanitariya bo‘limlari kasalxonalari kabi joylarda ham joriy etilishi mumkin. Barcha tuman tez tibbiy yordam brigadalari navbatchilik paytida markaziy tuman kasalxonasining mas’ul
navbatchi vrachiga bo‘ysunadi hamda sharoitga qarab, tuman miqyosida ishlashi mumkin. Bunday yondashuv qishloq joylarida bu brigadalar faoliyatining operativ imkoniyatlarini ancha kengaytiradi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 16:53:54
Mamlakatimizda «Tez tibbiy yordam» xizmatini qishloq joylarida rivojlantirish va mustahkamlashga katta e’tibor berilmoqda. Bu o‘rinda qishloq aholisiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat darajasini shahar
sharoitidagi tibbiy yordam ko‘rsatish darajasiga yaqinlashtirish, qishloq joylarida davolash va profilaktika usullari, ularning shakllarini takomillashtirish katta ahamiyatga ega. Ayni sharoitda sog‘liqni saqlash sohasidagi asosiy muammo nafaqat qishloq aholisiga statsionar yordamni tashkil qilish, shu bilan bir qatorda, ambulator-poliklinika xizmatini, ayniqsa katta yoshdagilar va qariyalarga, bolalarga tez va shoshilinch yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirishdan iboratdir.  Sog‘liqni saqlash muassasalarining joylashuvi, bu xizmatni tashkil qilish shakllari va qishloq aholisiga tibbiy yordam ko‘rsatish usullari ular tarqoq joylashgan sharoitda shahardagidan farqliroq bo‘ladi.  Markaziy tuman kasalxonalarida tez va shoshilinch birinchi yordam bo‘yicha hamma chaqiriqlarga markazlashgan tarzda xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish muhim o‘rin tutadi. Bu ma’lum darajada chekka qishloqlar
aholisiga zarur bo‘lgan ambulator-poliklinik birinchi yordam ko‘rsatishni yengillashtiradi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 16:57:45
Tez tibbiy birinchi yordam bo‘limlari va stansiyalari asosan tuman markazi va yon-atrofdagi aholiga xizmat qiladi. Boshqa turar joy punktlari chaqiriqlariga xizmat qilish uchun esa uchastka kasalxonalari tarkibida tez yordam podstansiyalari tashkil qilingan. Odatda bunday podstansiyalar xizmat qilish radiusi 25—30 km dan ortiq bo‘lganda tashkil qilinadi.  Tez va shoshilinch birinchi yordam stansiyalari bir yilda bo‘ladigan chaqiriqlar soniga qarab kategoriyalarga bo‘linadi. Qishloq joylarida 25 mingdan 50 minggacha chaqiriqlarga xizmat qiladigan uchinchi va 10 mingdan 25 minggacha chaqiriqlarga xizmat kiladigan to‘rtinchi kategoriyali stansiyalar bo‘ladi. 100—200 ming aholisi bo‘lgan yirik tuman markazlarida yiliga 75 mingdan 100 minggacha va 50 mingdan 75 minggacha chaqiriqlarga xizmat qiladigan birinchi va ikkinchi kategoriyali stansiyalar faoliyat ko‘rsatadi. Tez yordam mashinalari ham, xuddi shahardagidek, normativga asosan, har 10 ming aholiga 1 mashina hisobida taqsimlanadi. Tez va shoshilinch yordam bo‘limlari va stansiyalari muntazam ravishda ro‘y bergan baxtsiz hodisalar sababini tahlil qiladi, hisobini olib boradi, hisobot
tayyorlaydi va bu haqda tuman bosh vrachiga axborot beradi.  Keyingi yillarda qishloq joylarida olib borilgan samarali ishlar tufayli aholiga tez yordam ko‘rsatish sohasida birmuncha yutuqlarga erishildi,
tibbiy xizmat sifati oshib, shahar sharoitiga yanada yaqinlashdi. Qishloq aholisiga tez va shoshilinch yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, uni takomillashtirish maqsadida tez yordam bo‘limlari va stansiyalarini aholi ehtiyojiga qarab qo‘shimcha feldsher va vrachlar brigadalari bilan
kuchaytirish masalasi turibdi.  Hozirgi vaqtda tez va shoshilinch tibbiy yordam xizmati hamma
turdagi maxsus tibbiy yordamni ko‘rsata oladigan, yuksak darajada tashkil qilingan tibbiy muassasalar majmuini tashkil qiladi.   
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 17:03:07
«Birinchi tibbiy yordam asoslari» predmetini  o‘qitishning zaruriyati


Bugungi kunda baxtsiz hodisa va to‘satdan kasal bo‘lib qolishda tez tibbiy yordam ko‘rsatish yuqori darajaga yetdi. Ammo juda yaxshi tashkil qilingan shifokorlik muolajasi ham, agar shikastlangan kishiga o‘z vaqtida zarur birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, samarasiz va kechikkan bo‘lishi mumkin. Chunki hamma baxtsiz hodisalarda shikastlanish to‘satdan va hayot uchun xavfli bo‘lishi xosdir. Shikastlanish natijasi, ayniqsa og‘ir va xavfli bo‘lgan shikastlanishlarda, ilk daqiqalardayoq hal
bo‘ladi. Shuning uchun ham baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan joydagi kishining tez va samarali birinchi yordam ko‘rsatish qobiliyati juda katta va hayotiy ahamiyat kasb etadi.  Shu bilan bir qatorda, birinchi yordam ko‘rsatishda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki siz yordam bermoqchi bo‘lgan kishiga qo‘shimcha shikast yetkazishingiz mumkin. Shuni esda tutish kerakki, siz berayotgan yordam faqat davolashning boshlanishidir. U qanchalik zarur bo‘lmasin, hech qachon mutaxassis vrachning malakali yondashuvi o‘rnini bosa olmaydi. Sizning vazifangiz shikastlanganni davolash emas, faqat birinchi
yordam ko‘rsatish. Birinchi tibbiy yordamni tez va sifatli ko‘rsatish uchun esa maxsus bilimga ega bo‘lishingiz lozim. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 17:04:44
Birinchi tibbiy yordamning ahamiyati va qoidalari


Tinchlik sharoitida eng ko‘p uchraydigan baxtsiz hodisalarga: mexanik jarohat, kuyish, issiq va oftob urish, sovuq urish va umumiy muzlash, cho‘kish va yer bosib qolishi tufayli bo‘g‘ilish, is gazidan
zaharlanish, elektrdan jarohatlanish va chaqmoqdan shikastlanish kiradi. Bu holatlarda birinchi tibbiy yordamning asosiy vazifalari shikastlanganlar hayotini eng zarur chora-tadbirlar bilan saqlab qolish, ularning azoblanishini kamaytirish, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asoratlarning oldini olish hamda kasallik va jarohat kechuvini yengillashtirishdan iborat. Birinchi tibbiy yordamni voqea sodir bo‘lgan joyda shikastlanganning o‘zi (o‘z-o‘ziga yordam) yoki boshqa kishi (o‘zaro yordam) hamda
maxsus o‘rgatilgan shaxslar ko‘rsatadi.  Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda tezlik bilan shikastlovchi manba (faktor)ni aniqlash, uni yo‘qotish, har bir jarohatda tavsiya qilinadigan tibbiy yordam choralarini qo‘llash, vrachni chaqirish yoki jarohatlanganni yaqin tibbiyot muassasasiga olib borish kerak. Ba’zi hollar (kuchli qon ketishb, og‘ir suyak sinishlari, hushini yo‘qotish, nafas olish va yurak
faoliyatining to‘xtashi va boshqalar)da shikastlanganlarga shu joyning o‘zida tezlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatmay turib, ularni tashish (transportirovka qilish) mutlaqo mumkin emas. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 26 Noyabr 2010, 17:06:10
Bunday hollarda reanimatsiya chora-tadbirlari kerak bo‘ladi. Reanimatsiya (jonlantirish) o‘layotgan kishini hayotga qaytarishga, uning organ va to‘qimalarida qaytmas o‘zgarishlarning oldini olishga qaratilgan, zudlik bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuidir. Bunda, birinchi navbatda, shikastlanganlarning nafas olishi va qon aylanishini tiklashga va ushlab turishga erishiladi. Reanimatsiyaning murakkab bo‘lmagan choralari (sun’iy nafas oldirish, bilvosita yurak massaji) har bir
kishiga ma’lum. Shu bilan bir qatorda, ko‘pgina hollarda shikastlanganlar qon to‘xtatish, og‘riq azobidan qutulish, suyagi singan qo‘l-oyoqni harakatsizlantirish, yara, kuygan va sovuq urgan yuzalarni infeksiyadan himoyalash kabi har bir kishi amalga oshirishi mumkin bo‘lgan
yordamlarga muhtoj bo‘ladilar.  Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish voqea sodir bo‘lgandan so‘ng, iloji
boricha erta muddatlarda amalga oshirilishi kerak. Kuchli qon ketishb, elektrdan shikastlanish, cho‘kish, bo‘g‘ilish, yurak faoliyatining to‘xtashi va boshqa qator holatlarda birinchi tibbiy yordam zudlik bilan, kechiktirmay ko‘rsatilishi lozim. Agar bir paytda bir necha kishi jarohat olsa,ko‘rsatiladigan yordam muddati va ketma-ketligi aniqlanadi. Bolalarga va shoshilinch yordamga muhtoj kishilarga kerakli yordam birinchi navbatda ko‘rsatiladi. Ko‘p sonli va qo‘shimcha jarohat olgan kishilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning ketma-ketligi aniqlanishi kerak. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:27:06
Avval shikastlangan odam hayotini saqlab qolishga imkon beradigan yoki birinchi tibbiy yordamning keyingi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun shart bo‘lgan usul-amallar bajariladi. Chunonchi, son suyagi ochiq sinib, arteriyadan qon ketib turganda, birinchi navbatda, hayot uchun xavfli bo‘lgan qon ketishini to‘xtatish, so‘ngra jarohatga steril bog‘lam qo‘yish va undan keyingina oyoqniqimirlatmaydigan qilib bog‘lashga kirishish  kerak. Singan joyni hech qimirlamaydigan qilib qo‘yish uchun esa maxsus shina bog‘lash yoki qo‘l ostidagi vositalardan foydalanish lozim.  
Birinchi tibbiy yordamning hamma usul-amallarini ehtiyot bo‘lib va avaylab bajarish lozim. Qo‘pol harakatlar qilinadigan bo‘lsa, bu shikastlangan kishiga zarar qilishi va uning ahvolini yomonlashtirishi
mumkin. Birinchi tibbiy yordamni bir emas, balki ikki yoki bir necha kishi ko‘rsatadigan bo‘lsa, u holda kelishib ish ko‘rish kerak. Bunda yordam ko‘rsatayotganlarning biri boshliq bo‘lib, birinchi tibbiy yordamning barcha usul-amallari bajarilishiga rahbarlik qilib turishi lozim.  Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitida tashxis masalasi katta ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘z vaqtida va to‘g‘ri qo‘yilgan tashxis kasallik yoki shikastlanish turini aniqlashga va shu asosda zarur yordam
ko‘rsatish tadbirlarining ketma-ketligi rejasini tuzishga imkon yaratadi. Tashxis kasallik yoki jarohatning subyektiv va obyektiv belgilarini aniqlash asosida qo‘yiladi. Subyektiv belgilarga bemor yoki jarohatlanganning shikoyatlari (agar uning hushi joyida bo‘lsa) kiradi. Obyektiv belgilarga esa kasallik va jarohatning tashqi belgilari yoki muayyan usuldagi yondashuv orqali aniqlanadigan, masalan, pulsni (tomir urishini) o‘lchash, nafas olish va chiqarishning miqdori, reflekslar va
boshqa belgilar kiradi.  Kasallik yoki shikastlanishning obyektiv va subyektiv belgilari umumiy va shu holat uchun xos bo‘lishi mumkin. Shu tufayli bu belgilarni aniqlash va taxmin qilish yo‘li bilan dastlabki tashxisni qo‘yish mumkin. Tashxis asosida esa zarur yordam turi ham aniqlanadi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:29:18
Birinchi yordam vositalari


Tez tibbiy yordam ko‘rsatishda  birinchi yordam vositalari qo‘llaniladi. Ular tabel  va  qo‘l ostidagi  vositalarga bo‘linadi. Birinchi yordam tabel vositalariga bog‘lov materiallari, bintlar, tibbiy bog‘lov
paketi, steril bog‘lov materiallari, salfetkalar, paxta va boshqalar kiradi. Qon ketishini to‘xtatishda qon to‘xtatuvchi jgutlar, immobilizatsiya uchun fanerli, narvonsimon, to‘rsimon shinalar kabi tabel vositalari qo‘llaniladi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda ba’zi dori-darmonlar ham qo‘llaniladi:
yodning 5 % spirtli eritmasi, brilliant ko‘ki (zelyonka)ning 1—2 % spirtli eritmasi, validol tabletkasi, valeriana tindirmasi, navshadil spirti, natriy gidrokarbonat tabletkasi yoki poroshogi, vazelin va boshqalar. Odatda birinchi tibbiy yordam tabel vositalari jamoat transporti yoki shaxsiy
transport haydovchilari aptechkasi tarkibiga kiradi hamda ommaviy dam olish joylarida ham bo‘ladi. 
Birinchi yordam ko‘rsatish vaqtida tabel vositalari bo‘lmasa, qo‘l ostidagi vositalardan foydalaniladi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda bunday vositalar sifatida toza choyshab, ko‘ylak, mato (oq mato), karton, faner, taxta, yog‘och va boshqalarni qo‘llash mumkin. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:40:39
Jarohatlanganlarni transportda tashish


Jarohatlangan va kasallarni transportda tashishda asosan yo‘l transporti (avtomobil, temir-yo‘l transporti), havo (samolyot, vertolyotlar), suv (daryo va dengiz transporti), shuningdek sanitar va moslashtirilgan transport vositalari qo‘llaniladi. Jarohatlangan shaxs yoki kasallarni tashish zambilda, qo‘lda, orqada, yelkada hamda qo‘l ostidagi vositalardan foydalanib amalga oshiriladi.Jarohatlanganlar bir kishi yoki bir-necha kishi yordamida tashiladi. Eng maqbul, og‘riq chaqirmaydigan va avaylab
tashish usuli zambil yordamida tashishdir. Bemor yoki jarohatlanganlarni tashishda iloji boricha ehtiyot qiladigan sharoit yaratish kerak. Ularni qulay va to‘g‘ri holda yotqizish lozim.  Tashish va transportda tashish jarayonida noto‘g‘ri harakat qilish jarohatlangan yoki bemor ahvolining yomonlashuviga, qo‘shimcha jarohatlarning kelib chiqishiga, qon ketishining kuchayishiga, suyak bo‘laklarining joyidan siljishiga va boshqalarga olib kelishi mumkin.  Oyoqlar va bosh suyagining shikastlanishida jarohatlanganlarni chalqancha, umurtqa pog‘onasi suyaklari singanda esa, aksincha, qoringa
yotqizish lozim. Agar umurtqa pog‘onasi suyaklari jarohatlangan kishi zambilga chalqancha yotqizilsa, unda, albatta, zambilga yog‘och shit yoki keng taxta qo‘yilishi kerak. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:42:16
Qorin va tos suyaklari shikastlanganda jarohatlanganlar chalqancha yotqizilib, oyoqlar bir oz tashqariga kengaytiriladi, tizza va son bo‘g‘imlari bukiladi. Bunda tizza bo‘g‘imlari tagiga kiyimdan yostiqcha qo‘yiladi.  Shikastlanganlarni zambilda va transportda tashishda ularning
umumiy holatini, bog‘lam yoki immobilizatsiya shinasining to‘g‘ri qo‘yilganligini ko‘zdan kechirish lozim. Agar jarohatlanganlarni tashish uzoq davom etsa, ularning holatini o‘zgartirish, boshlari tagidagi
yostiqchalarni to‘g‘rilab turish kerak.  Gorizontal tekis yerda tashishda jarohatlanganlarning oyoq sohasi oldinda bo‘ladi. Agar jarohatlangan hushini yo‘qotgan bo‘lsa, bosh tomoni oldinda bo‘ladi. Chunki bunda uni kuzatib borish imkoni bo‘ladi. Yuqoriga olib chiqilayotganda yoki pastga tushirishda esa uni gorizontal holda ushlash kerak. Yuqoridan pastga tushirilayotganda shikastlanganning oyoq
sohasi oldinda, ko‘tarilayotganda esa, aksincha, bosh sohasi oldinda bo‘ladi.  Jarohatlangan yoki bemorlarni transport vositasiga joylashtirishda avval zambil yuqori qatorlarga qo‘yiladi, keyin esa pastki qatorlarga joylanadi, tushirilayotganda esa, aksincha, avval pastki qatorlardan,
so‘ngra esa yuqorigi qatorlardan zambil olinadi.  Bosh suyagi, umurtqa pog‘onasi, qorin sohasi jarohatlanganlar hamda og‘ir yaralanganlar pastki qatorlarga joylashtiriladi, chunki yuqoriga
nisbatan pastki qatorlarda kamroq chayqalish kuzatiladi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:43:55
Ko‘p sonli jarohatlanish va kasallanishlarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish
Ma’lumki, baxtsiz hodisalar, falokat, tabiiy ofat va boshqalar vaqtida voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘p sonli jarohatlanganlar bo‘ladi. Bunday holatlarda tez yordam qanday tashkil qilinadi? Qanday yordam va u qanday ketma-ketlikda ko‘rsatiladi? Bunday hollarda voqea sodir bo‘lgan joyda tibbiyot xodimi yoki birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxs voqea oqibatlarini bartaraf qilish uchun qo‘llaniladigan chora-tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha javobgar bo‘ladi. U hamma jarohatlanganlarga yordam berilmaguncha yoki tez yordam brigadasi yetib kelmaguncha o‘sha joyda qolishi kerak.  Bu holatda hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar quyidagilardan iborat: shikastlanish turi bo‘yicha jarohatlanganlar guruhlarini tashkil qilish, hayotiy ko‘rsatmalar bo‘yicha tez tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni tezkorlik bilan, ularning holati va jarohati darajasiga
qarab, navbat  bilan davolash muassasasiga evakuatsiya qilish. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:45:06
Jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha umumiy boshqaruv mahalliy sog‘liqni saqlash organlariga yuklatiladi.  Amaliy boshqaruvni operativ bo‘lim orqali, o‘choqdagi (tabiiy yoki
baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi) mas’ul tibbiy xodim va tez tibbiy yordam stansiyasining mas’ul navbatchi vrachi amalga oshiradi. O‘choqda barcha ishlarga mas’ul feldsher tez tibbiy yordam stansiyasining mas’ul vrachiga bo‘ysunadi. U voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelishi bilan
sharoitni baholab, barcha tibbiy xodimlarni birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirishi, so‘ngra o‘z o‘rnini belgilashi kerak.  U jarohatlanganlar sonini aniqlaydi va shunga mos ravishda radio
yoki telefon orqali qo‘shimcha tez yordam mashinalarini chaqirish masalasini hal qiladi. Fyeldsher muassasa rahbariyati, militsiya va avariya qutqaruv xizmati bilan aloqa bog‘laydi va jarohatlanganlar evakuatsiyasi yo‘nalishini aniqlaydi. Jarohat turiga qarab, tibbiy saralash va birinchi
tibbiy yordam ko‘rsatish uchun feldsher va hamshiralar ajratiladi.  Yangi kelgan brigadalarni o‘z boshqaruviga olib, bosh vrach bilan birgalikda jarohatlanganlarni gospitalizatsiya qilish va ko‘rsatmalar
bo‘yicha profilli kasalxonalarga evakuatsiya qilish tartibini aniqlaydi.  O‘choqda ishlar tugaganidan so‘ng voqea sodir bo‘lgan o‘choqni shaxsan tekshiradi va obyekt rahbariga hamda tez tibbiy yordam stansiyasi mas’ul navbatchi vrachiga axborot beradi, ularning ruxsati bilan voqea sodir bo‘lgan joydan eng keyin jo‘nab ketadi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:52:33
Kriminal holatlarda chaqirilgan tibbiy xodimning harakati va vazifalari


Tibbiyot xodimlari, agar militsiya yoki prokuratura xodimlari bo‘lmasa, voqea sodir bo‘lgan joyda hamma begona kishilarni chiqarib yuboradilar. U yerdagi narsalarning joyi o‘zgarmasligini nazorat qiladilar (mebellarni joyidan qo‘zg‘atish, qog‘ozlarni bir-biriga qo‘shish yoki tashlab yuborish, polni supurish yoki yig‘ishtirish va boshqalarga yo‘l qo‘yilmaydi).  Voqea sodir bo‘lgan joydagi jihozlarning joylashuvi iloji boricha o‘zgartirilmasdan jarohatlanganga zarur tez yordam ko‘rsatiladi. Voqea
sodir bo‘lgan joyda qurol yoki boshqa vositalar topilganda, ularni militsiya yoki prokuratura xodimlari yetib kelguncha qaysi joyda va qanday holda topilgan bo‘lsa, shundayligicha saqlash choralari ko‘riladi. Bu voqea sodir bo‘lgan joydagi mas’ul yoki shu maqsadda chaqirilgan maxsus shaxslarga
ularni qo‘riqlash vazifasini yuklash orqali amalga oshiriladi. Fyeldsher shuni esda tutishi kerakki, jinoyat sodir etilgan vositalarda, jarohatlangan shaxs atrofidagi predmetlarda qon izlari, barmoq izlari va boshqalar bo‘lishi mumkin. Ular tergov olib borish uchun saqlanib qolishi kerak.  Tez yordam xodimlari yetib kelgan vaqtda jarohatlangan shaxsning qo‘lida qolgan qurol voqea sodir bo‘lgan joyda qoldiriladi. Osish yoki bo‘g‘ish uchun ishlatilgan sirtmoq yechilmaydi, balki kesib olinadi va
voqea sodir bo‘lgan joyda qoldiriladi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:54:35
Zaharlanish holatlarida zaharli modda mavjud bo‘lgan yoki tekkan hamda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha predmetlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Oziq-ovqatdan zaharlanish yoki intoksikatsiya belgilari bo‘lgan bemor so‘roq qilinganda, uning yoki atrofdagilarning fikricha, qaysi mahsulotlar kasallikka sabab bo‘lganligi, ular qayerdan sotib olinganligini aniqlash lozim. Voqea sodir bo‘lgan joyda aniq o‘lim belgilari (murda dog‘lari, murda qotishi) bo‘lgan murda topilganda uni
qanday holatda va ko‘rinishda topilgan bo‘lsa, shu ko‘rinishda militsiya yoki prokuratura xodimlari yetib kelguncha saqlab turishga to‘g‘ri keladi. O‘lim sodir bo‘lganini aniqlash uchun tibbiy xodimlar, hatto murda holati va ko‘rinishini o‘zgartirish zarur bo‘lsa ham, barcha kerakli tibbiy choralarni qo‘llashlari lozim. Qon dog‘lari va ifloslangan sohalarni yuvib tashlash mutlaqo man qilinadi. Murda qo‘lida siqilib qolgan jihozlarga (qurol, qog‘oz va boshqalar) tegish, o‘lim sababi haqida xulosa berish
feldsher vazifasiga kirmaydi. U faqatgina yuzaki ko‘rik asosida o‘lim sababi haqida xulosa qilish huquqiga ega emas. Voqea sodir bo‘lgan joydagi tezkor o‘lim haqida feldsher militsiyaga xabar berishi kerak.  Kriminal holat tufayli va yoki zo‘raki o‘limga shubha tug‘ilgan hollarda murda faqat militsiya yoki prokuratura organlari ruxsatidan so‘ng voqea sodir bo‘lgan joydan olib ketiladi. Murda voqea sodir bo‘lgan joyda qoldirilganda, unga tegilmaydigan sharoitda saqlash uchun, militsiya yoki prokuratura organlari xodimlari yetib kelguncha, murdani va u turgan joyni qo‘riqlash mas’ul shaxslarga topshiriladi va ularning familiyasi chaqiriq qog‘oziga yozib qo‘yiladi. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:55:38
Kriminal holat haqidagi barcha ma’lumotlarni operativ yoki voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelgan xodim faqat tergov organlari vakillariga va tez yordam xizmati ma’muriyatiga xabar qiladi. Agar sodir bo‘lgan voqeaning kriminal xususiyatga ega ekanligi chaqirilgan xodim yetib kelganda aniqlansa, u holda xodim stansiya katta navbatchi vrachini bu haqda xabardor qilishi kerak. Jarohatlangan shaxs gospitalizatsiya qilinsa, feldsher uni qaysi kasalxonaga yotqizilganini tez yordam stansiyasiga xa-
bar qilishi lozim. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 08:59:04
«Tez tibbiy yordam» xizmati xodimlari faoliyatida  tibbiy etika va deontologiya [/size
]

Tibbiy deontologiya tibbiyot xodimlarining shaxsiy manfaatinigina emas, balki ularning bemorga nisbatan burchi va mehribonligini ham ifoda etadi. 
Tibbiy deontologiyaning asosiy vazifalari mashhur jarroh N. Petrovning 1944 yilda chop etilgan «Jarrohlik deontologiyasi masalalari» kitobida belgilab berilgan. 
Ular quyidagilardan iborat:
1) tibbiy muassasa xodimlarining huquq va vazifalarini to‘g‘ri
taqsimlashga asoslangan ishni yo‘lga qo‘yish;
2) o‘tkazilayotgan davolash natijasining yaxshi bo‘lishida bemor ruhi-
yatini doim hisobga olib borish va uni avaylash;
3) turli kasalliklar to‘g‘risidagi ilmiy bilimlarni har bir bemorning
kasalligini aniqlash va davolashga qaratish;
4) «bemor jarrohlik uchun emas, balki jarrohlik bemor uchun» degan
shiorga amal qilish;
5) o‘z ish faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni aniqlash
va muhokama qilish yo‘li bilan tajriba to‘plash. 
Jarrohlikda arzimas narsaning o‘zi yo‘q. Bu mashaqqatli va xatarli ishdir. Shu sababdan ham bu prinsiplarga amal qilmaslik deontologiya qoidalarini qo‘pol buzish demakdir.  Vrachning noto‘g‘ri xatti-harakati natijasida bemorning umumiy ahvoli og‘irlashishi va hatto «yangi yatrogen» kasalliklar kelib chiqishi mumkin. 
I. A. Kassirskiy yatrogen kasalliklarning sabab va shakllarini quyidagicha ta’riflab beradi:
— tibbiy xodimlarning ehtiyotsizligi tufayli bemorni shikastlantirish;
— tibbiy adabiyotni o‘qishga aloqador bo‘lgan bilvosita
shikastlantirish;
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 09:02:37
— psixopatik, psixoastenik reaksiyaga moyil bemorlar ruhiyatini shikastlantirish;
— tibbiy asbob-uskunalar yordamida o‘tkaziladigan noto‘g‘ri tekshirishlar, dori-darmonlarning yanglish berilishi va boshqalar. 


Bemor ruhiyatini asrash, yatrogen kasalliklarning oldini olishda o‘zini to‘g‘ri tutish, e’tiborli bo‘lish va ziyraklik sifatlarini alohida ta’kidlab o‘tish zarurdir.  Har bir tibbiy xodim yuqori darajada madaniyatli bo‘lishi kerak. Unda tibbiyotga zid, zararli odatlar (chekish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish va
boshqalar) bo‘lmasligi darkor, undan shaxsiy gigiyena va estetika qoidalariga qat’iy amal qilish talab qilinadi, kiyimlari orasta, yurish-turishiga mos, bejirim bo‘lishi kerak. Chunki o‘ta rang-barang va qo‘pol
kiyimlar bemorga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Turli atir-upa va bo‘yoqlarni me’yorida ishlatish zarur. Bemorlar sog‘lig‘ini o‘ylaydigan tibbiy xodim, tabiiyki, ular yonida o‘zining shaxsiy ishlari to‘g‘risida gapirmasligi lozim. 

Tibbiy deontologiya qoidalariga amal qilish farmatsevtika xodimlariga ham taalluqlidir. Tibbiy xodim va provizor vrachlik sirasrorini oshkor qilmasligi kerak, chunonchi:
a) bemorning o‘zidan yoki davolash jarayoni davomida olingan ma’lumotlarni jamoatchilikka oshkor qilmaslik;
b) bemorlar to‘g‘risidagi ba’zi ma’lumotlarni ularning o‘zlariga ham bildirmaslik darkor. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 09:04:24
Tibbiy xodim va provizorlar malakali vrach kelgunga qadar jarohatlangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishlari shart. Chunki o‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rsatilgan birinchi yordam bemor taqdirini hal qiladi.
Buning uchun ular tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalarini mukammal egallagan bo‘lishlari kerak. 
Provizor bemorni davolamasa va unga dori-darmonlar buyurmasa ham, bemor yoki uning qarindosh-urug‘lari bilan muloqotda bo‘ladi, kerakli dori-darmonlarni aniq va o‘z vaqtida tayyorlab berishi bilan bemor ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, sog‘ayib ketishiga ishonch tug‘diradi.  Vrach ko‘rsatmasisiz bemorga u yoki bu dorini yozib beruvchi provizor mutlaqo nohaqdir. Chunki vrach bemorda bo‘lgan obyektiv o‘zgarishlarni, organizmning shaxsiy xususiyatlarini, qo‘shimcha kasalliklarni e’tiborga olib ish tutadiki, bu narsalar farmatsevtlarga ma’lum emas.  Tibbiy xodimlar hamda provizorlarning muhim fazilatlaridan eng asosiysi kasb pokligidir, uning ish mezoni esa yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida payqash hisoblanadi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchilik bilan o‘z obro‘sining pasayishi yoki jazolanishdan qo‘rqmasdan inson hayotini saqlash, bemor sog‘lig‘ini tiklash tibbiyot xodimlari,
provizorlarning burchi hamda vazifasidir. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 09:06:07
Davolash sifati ko‘pgina hollarda vrach buyurgan muolajani o‘z vaqtida aniq va puxta bajarishga va bemorlarni parvarish qilishga bog‘liq bo‘ladi, bu mas’uliyat tibbiy hamshiralar va enagalarga ham yuklanadi. Tibbiyot hamshiralari o‘z ishlarining sir-asrorini yaxshi biladigan, pok, aql-zakovatli, o‘z kasblarini mukammal egallagan kishilar bo‘lmog‘i kerak. 

      Bemorning tezda sog‘ayib ketishini yaxshi parvarishsiz hamda enaga (sanitarka)larsiz tasavvur qilish qiyin. Enaga tibbiy hamshiraning birinchi yordamchisidir. Faqat ulargina boshqa tibbiyot xodimlariga qaraganda bemor yonida ko‘proq bo‘ladilar.  Bemorning tezroq tuzalib ketishida unga aytilgan har bir shirin so‘z katta ahamiyatga ega. Shu asnoda Servantesning ajoyib so‘zlarini keltirish
o‘rinlidir: «Xushmuomalali bo‘lishning hech bir qiyinchiligi ham yo‘q va hech bir narsa u kabi yuqori baholanmaydi». Bemorlarda kasallik tufayli paydo bo‘ladigan injiqlik, achchiqlanish hollarida xushmuomalalik kasalning tuzalishi uchun muhim omildir. 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 09:14:22
IIO xodimlariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish asoslarini o‘rgatishning zarurati


Har bir kishining baxtsiz hodisalarda birinchi yordam ko‘rsatish usullari va qoidalarini bilishi muhimdir. Ayniqsa bu masala IIO xodimlari uchun alohida ahamiyatga ega, chunki ular voqea sodir bo‘lgan joyga
birinchilar qatorida yetib keladilar. Shuning uchun ham IIO xodimlari jarohatlanganga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda har qanday ekstremal holatlarda, jumladan jangovar harakatlarda ham, bir-biriga va o‘z-o‘ziga yordam ko‘rsatish usullarini to‘liq bilishlari kerak. Bu esa, o‘z navbatida, ularning birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maxsus kursini o‘rganishlari zarurligini taqozo etadi.  Bunday kursning asosiy maqsad va vazifasi tinglovchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning ahamiyati va imkoniyatlari haqidagi nazariy bilimlarni singdirishdan iborat. Bu bilimlarning o‘zlashtirilishi IIO
xodimlariga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
— jarohatlangan shaxsning ahvolini obyektiv baholash hamda uning hayoti va salomatligiga nisbatan xavf darajasini aniqlash;
— yetkazilgan jarohat darajasini belgilab, ko‘rsatiladigan birinchi tibbiy yordam bo‘yicha asosiy va ikkilamchi chora-tadbirlarni to‘g‘ri aniqlash, terminal holatdagi jarohatlanganlar va bemorlarga, zarur bo‘lganda qo‘ldan keladigan birinchi reanimatsion usullarni qo‘llash;
— jarohatlanganlar va bemorlarni mavjud vositalar bilan immo-bilizatsiya qilish va voqea sodir bo‘lgan joydan shifoxonaga olib borish;
— mutaxassis shifokorga jarohat olingan holatni hamda jarohatlanganlarga ko‘rsatiladigan navbatdagi tibbiy yordamni yengillashtirish uchun qo‘llangan birinchi tez yordamni malakali qilib aytib berish.
 
Nom: Re: BIRINCHI TIBBIY  YORDAM
Yuborildi: JaviK 27 Noyabr 2010, 09:15:27
Tinglovchilarga quyidagi asosiy tibbiy qo‘llanmalar bo‘yicha, ya’ni qon ketishi turlarini aniqlash va uni tezlik bilan to‘xtatish, jarohat turlarini aniqlash va uni tashqi muhitdan steril bog‘lam bilan ajratish, kuyish va sovuq olishda yordam ko‘rsatish, tayanch-harakat organlari shikastlangan-da fiksatsiya qiluvchi bog‘lam qo‘yish, jarohatlanganlarni to‘g‘ri tashish, o‘pkani sun’iy nafas oldirish va yurakni bilvosita massaj qilish, zaharla-nish, ilon va boshqa zaharli hasharotlar chaqqanda yordam ko‘rsatish
ko‘nikmalarini hosil qilish. Bu bilimlar va qo‘llanmalar IIO xodimlariga o‘z vaqtida va sifatli tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.