forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Umumiy => Mavzu boshlandi: Mohinur 08 Avgust 2006, 07:13:40

Nom: ONA MEHRI
Yuborildi: Mohinur 08 Avgust 2006, 07:13:40
ONA MEHRI

Shu yil ayni qish chillasida onam 86 yoshda olamdan o‘tdi. U bir oyga yaqin og‘ir xasta bo‘lib to‘shakka mixlanib qolgan edi. Onamning dard bilan olishib yotgan o‘sha tashvishli kunlarini qalbimda armon bilan eslayman. Yuzlari dokaday oqarib ketgan, jussasi ozib, kichrayib qolgan onam o‘g‘il-qizlari, kelinlari qur-
shovida yotardi. Endi dori-darmonlarning ham nafi tegmay qolgan, to‘rt-besh kundirki, tuz totgani yo‘q. Onda-sonda qiynalib bir-ikki og‘iz so‘zlaydi, xolos. O‘zi bir ahvolda yotsa-da, farzandlarini o‘ylaydi. Hatto kenja nabira kelini haqida: «Ilohim, sog‘-omon ko‘zi yorisin», — deydi pichirlab. Ba’zan qo‘llarini yon tomonga cho‘zib kimnidir axtarganday bo‘ladi. Atrofida o‘tirgan qizlari uning cho‘pdek ozg‘in qo‘llarini siypalashga tutinadilar. Ana shu paytda onam ko‘ngli xotirjam bo‘lib, ancha vaqt ko‘zlarini yumgancha tinch yotadi. Biz farzandlar ko‘zimizda nam, ichimizda g‘am bilan kun sayin so‘nib borayotgan onamizga tikilamiz. Uning dardiga chora topolmay ezilamiz.
Bir mahal onam yana bezovta holda bir nima demoqchi bo‘lganday lablarini qimirlatdi. Men unga yaqinroq borib: «Ona, biz shu yerdamiz, ahvolingiz yaxshimi?» — dedim. Shu onda kutilmagan holat ro‘y berdi. Kechadan buyon indamay yotgan onamning «jonim... bolam...» degan so‘zlari qulog‘imga elas-elas eshitildi. Evoh, bu qanday sir-sinoat! Beixtiyor ko‘zlarimga yosh qalqidi. Bu onamning so‘nggi so‘zlari bo‘ldi. Onamning bor kuchini yig‘ib, tanasini tark etayotgan jonini hovuchlab aytgan ana shu ikki og‘iz so‘zida men bir olam mehrni tuydim. Ona mehri uning so‘nggi nafasigacha ham so‘nmasligiga yana bir bor iqror bo‘ldim.
Onalar hatto vafotidan keyin ham ona bo‘lib qolar ekan. Ba’zan nimadandir siqilsam, bezovta bo‘lsam, o‘sha kuni, albatta, onam tushimga kiradi.

O‘ktam SULTONOV,
Hazorasp tumanidagi 39-maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi