forum.ziyouz.com

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => O'zbek nasri => Mavzu boshlandi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:53:09

Nom: Tohir Malik. Davron (qissa)
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:53:09
Davron (qissa). Tohir Malik

(http://www.ziyouz.com/images/books/davron.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=41)

Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 216 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=41)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.0)
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:53:52
(http://www.ziyouz.com/rasmlar/books/davron.jpg)

DAVRON

— Sen bilan men hatto u dunyoda ham ko‘rishmasak kerak. Nimaga shunday ekan?
— Fe’limiz boshqa-boshqa.
— Fe’l emas, dunyoqarash, degin. Qiziq, ikkovimiz ham odam bolasimiz, lekin ko‘rinishimiz o‘xshamaydi. Ikkovimizda ham salkam uch kilolik miya bor, biroq, boshqa-boshqa fikrlaymiz. Hatto kasbimiz bir, ammo tutgan yo‘limiz ayri. Hamma gap ana shu tanlangan yo‘lda bo‘lsa kerak. Ikkovimiz poezd yo‘lidagi ikkita relsdamiz. Ketaveramiz, ketaveramiz, yo‘limiz esa sira kesishmaydi.
— Bunga hojat bormikin?
MUNDARIJA

Muqaddima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13793#msg13793)
Vakil (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13799#msg13799)
Qaltis hazilmi?..  (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13808#msg13808)
Burgaga achchiq qilib...  (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13823#msg13823)
Uloq (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13837#msg13837)
Xotima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13854#msg13854)
www.tohirmalik.uz


MUQADDIMA

Ularning chorbog‘lari bir-biriga tutash, devor o‘rniga qator olcha ekilgandi. Chiroyda tengi yo‘q bo‘lib yetishib borayotgan sarvqad qiz ham, pahlavon kelbatli yigit ham qosh qorayib, uydagilari uyquga ketgach, shu olchalar poyiga oshiqar edilar. Bu tun nechundir yigit hayalladi. Qiz barglarning sirli shivirlashiga quloq tutib uzoq o‘tirdi. Barglar shabadada shunchaki titrayaptimikin yoki o‘zlarining tilida suhbat quryaptimikin? «Suhbat... Hamma o‘zicha gaplashadi. Hayvonlar ham o‘zicha tillashadi. Odamlar ularning so‘zlariga tushunmaydilar. Bu xudoning irodasi. Ammo... bir xil tilda so‘zlashuvchi odam zoti ham ba’zan bir-birini tushunmay qoladi-ku? Bu ham Tangrining irodasimikin yo odam zotining aqli qosirligimi? Ajab... Belga urib qolgan o‘t-o‘lanlar ham so‘zlashayotganga o‘xshaydi. Balki ular ham bir-birini yaxshi ko‘rar, rozini aytar... Yo‘g‘-e, axir ular jonli emas-ku? Nimaga, u bechoralarning ham joni bor. Bahorda ko‘karadi, yozda yashnaydi, kuzakda esa quriydi. O‘ladimi, demak joni bor. Faqat umri qisqa. Dunyoning yaralishi ajabtovur...»
Sharpa sezilib, qizning xayoli bo‘lindi. Uning ko‘zlari yigitni qorong‘ida ham ilg‘ashga ko‘nikib qolgan...
Ular kichkina ariq labiga o‘tirdilar. Jim qoldilar. Yigit xo‘rsinib qo‘ydi. Oshiq-ma’shuqlar faqat bir-birlariga termilish, xo‘rsinish uchungina fursat tanlamaydilar. Yuraklaridagi surur ko‘p hollarda andishadan ustun chiqadi. Ammo bu tun yigit qalbidagi, vujudidagi g‘alayon jilovda. Uning ichiga chiroq yoqsa yorimaydi. Shu bois jimgina, maylini sukutga berib o‘tirdi. Nihoyat, yigit so‘z ochdi:
— Yangilikni eshitganingiz bordir?
— Qulog‘imga chalindi, — dedi qiz. — Bu qarorning sababini tuzuk anglamadim.
— Biz, akam-otam, uchovlon bo‘lib ne zahmat bilan bezak ishlasag-u, rohatini boytog‘a ko‘rsa? U bezaklarni podshohi olamga o‘z nomidan o‘tkazar ekan. Boytog‘aning qo‘lidan hech bir ish kelmasligini bila turib unga tahsinlar o‘qiydilar, zarga o‘raydilar, marhamatlarini ayamaydilar. Bizning ohimizni hech bir zot eshitmaydi. Endi bo‘lak shahristonga ketamiz.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:53:59
— Meni o‘ylamaysizmi?
— Otamga aytishni ixtiyor qilyapman. Ammo siz tomondan bo‘ladirgan rizolikka umid yo‘q. Rizo bo‘lisharmikin?
— Nevlay?
Yana jim qolishdi. Ariqdagi suv shildiramaydi. Go‘yo ko‘kmak o‘tlar qilvir qo‘llari bilan suvni jilovlab, bo‘g‘ziga chang urganlar.
Qiz ham, yigit ham orzu-umidlarining bir umr amalga oshmasligini yaxshi bilishardi. Ayniqsa qizning akasi boytog‘aning to‘ng‘ichini bo‘g‘izlab qo‘ygach, taqdirning ayovsiz amri oldiga tiz cho‘kishdan o‘zga choralari yo‘qligini anglab yetdilar. Boytog‘a farzandining qoni uchun xun talab qilardi. Qizning otasi bor mulkini berishga tayyor edi. Ammo boytog‘a mulkka muhtoj emas — xun evaziga qotilning singlisini olmoqchi edi. Uning o‘g‘li shu qizga yetishaman, deb nojo‘ya qadam tashlab, nopok niyati uchun jonidan judo bo‘lgan edi. Ne ajabki, boytog‘aning ilinji ham shu qizda ekan. Yorug‘ olamda bundan ziyod qabihlik yo‘qdir. Oshiq-ma’shuqlar boytog‘aning talablaridan ogoh bo‘lsalar-da, bu xususda so‘z ochmaydilar. Har biri pinhona dard chekadi. Bu dilporalik yetishmagandek bugun yigitning otasi o‘zga shahristonga ko‘chishni ixtiyor qildi...
Qiz tizzasini quchganicha yulduzlarga qaradi:
— Yulduz uchyapti, — dedi u siniq ovoz bilan.
— Kimningdir joni uzildi, — dedi yigit osmonga qarab olib.
— Qarang-a, u o‘chmayapti.
— Ha. O‘chmayapti. Voajab! Ne sir ekan?
Ular ko‘zlarini uzmay uchar yulduzga qarab qoldilar. Shabada turdi. Qiz seskandi. Yigit uni bag‘riga oldi.
— Qo‘rqyapman, — dedi qiz.
— Katta odam o‘lyapti shekilli, — dedi yigit, — jon berishi og‘ir o‘tyapti.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:54:06
Uchayotgan yulduzning falakda qoldirayotgan nurli izi tobora kattalashib borar, so‘nishidan darak yo‘q edi. Yana bir qancha fursat shunday o‘tirdilar. Keyin qiz qo‘rqib uyi tomon ketdi. Yigit ham iziga qaytdi. Ayvon ustuniga suyanganicha yulduzga tikilib turdi. So‘ng akasini, otasini uyg‘otdi. Ular ham hayrat bilan uzoq vaqt turib qoldilar. Bu orada shahar ahli asta uyg‘ona boshladi.
Yarim tunda yonar yulduz ancha kattalashgan, shahristonda sarosima boshlangan edi. Odamlar ko‘chalarga chiqqan, gulxanlar yoqilgan, ibodat va iltijo avjida edi. Shamol ham kuchayib chang-to‘zon ko‘tarilgandi.
Yulduz kattalashgach, unga qarash mumkin bo‘lmay qoldi. Odamlar orasida «Quyosh uzilib tushyapti», degan vahima tarqaldi. Yulduzning kattaligi bir qulochga yetganda nimadir qattiq qarsilladi. Yer qimirladi. Hammayoq yorishib ketdi. Shahristonni dod-faryod bosdi. Yer yanada qattiqroq silkindi. Daraxtlar qirsillab, egilib boraverdi. Dam o‘tmay zamin mavjlanayotgan dengiz to‘lqini singari chayqala boshladi. Bir nafasda tubsiz jarliklar paydo bo‘ldi. Qandaydir bir kuch majnuntolga o‘xshab qolgan daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashlardi. Yerga yaqinlashayotgan yulduzning yorug‘i ko‘zlarning nurini kesdi. Hammayoq sariq tusga kirdi. Yana nimadir qattiq qarsilladi. Shu tobning o‘zida chor atrof birdan jimib qoldi. Dod-faryodlar tindi. Panoh istab yugurayotgan, bir-birining pinjiga kirib dir-dir titrayotganlar ham, beshigini mahkam quchgan ayol ham, bosib tushgan ayvon ostida qolgan onasini tortayotgan yigit ham — harakatdagi butkul jondorlar, hatto dov-daraxtlar ham toshdek qotdilar. Faqat bir narsaning kuchli guvillashi uzoq eshitilib turdi.
Guvillash tinib, yer qimirlash to‘xtab, uzoqdagi «olovli yulduz» so‘nganida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgan edi. Shahriston xarobaga, odamlar sariq toshlarga aylangandi.
Olov purkagan yulduz o‘rnida tuxumni eslatuvchi bir buyum — olis sayyora elchilarining kemasi qorayib turar edi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:54:16
Shu voqeadan so‘ng quyosh ikki qayta zaminni yoritib, ikki marta mag‘rib sari bosh qo‘ydi. Uchinchi bor mashriqni qizartirib ko‘tarilar chog‘ida qorayib turgan tuxumsimon kema atrofida harakat sezildi. Avvaliga uch quloch keladigan chigirtkasimon temir maxluq — uzoqdan turib boshqariluvchi sayyorapoy ko‘rindi. U to qosh qorayguncha yon-atrofda izg‘ib yurdi. Keyin iziga qaytdi. Kemaning yumaloq tuynukchalarida nur ko‘rindi.
Ertasiga tong otarda sayyorapoy chiqqan kattaroq tuynuk og‘zida xuddi odamga o‘xshovchi, lekin odamdan bir necha karra baland va qoruvli, boshiga savatsimon shaffof shisha qo‘ndirgan, o‘zidan ko‘zni olgulik nur taratuvchi ikki kimsa ko‘rindi. Ular ehtiyotlik bilan bir necha qadam ilgari bosishdi.
— Kiv, — dedi sal oldinda borayotgani, — hisobda yanglishganga o‘xshaymiz. Qo‘nadigan maydonimiz bunday qattiq emas, o‘zimizning Unetdagiday yumshoq tuproqli bo‘lishi kerak edi.
— Ha, — dedi Kiv atrofga alanglab, — rangi ham bo‘lakcha. Bizga qoramtir bo‘lib ko‘ringan edi. Sariqligiga ajablanyapman. Unetdan kuzatganimizda bu so‘niq yulduz xira nur taratgan edi. Agar yulduzning butun sathi sariq bo‘lsa, Rekning gapi to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Unetliklar uchun mos yerni boshqa yulduzlardan izlash kerak bo‘ladi.
Endi ular dadilroq qadam qo‘ydilar. Yulduz qo‘ngan yerning atrofida dov-daraxtlardan ham nishon qolmagan edi. Ular ilgarilaganlari sari bitta-yarimta daraxtga duch kela boshladilar. Kiv sariq toshga aylangan bahaybat chinor qarshisida turib qoldi.
— Nig, buni qara, nimaga o‘xshaydi? — dedi hamrohiga.
Nig chinorga yaqinlashib bolg‘achasini chiqardi-da, daraxtning egilib turgan shoxlariga urib-urib ko‘rdi.
— Ajab, toshning bu xil tasviriga tushunish qiyin. Bu menga Unetni eslatyapti. Anavi tomonga qara, bunday toshlar juda ko‘p-ku!
Ular harakatsiz qolgan shaharga yaqinlashib kelardilar. Jonsiz buyumlar ularga o‘z sayyoralarini eslatardi — bu joylar go‘yo ular yashaydigan sayyoraning jonsiz tasviri edi. Tiz cho‘kkanicha qo‘llarini baland ko‘tarib Xudoga nola qilayotgan holda sariq toshga aylangan dastlabki odamni ko‘rgach, Nig chap qo‘lini ko‘tardi. Orqaroqda kelayotgan Kiv to‘xtadi.
— Bu bizning toshdagi tasvirimiz-ku? — dedi u hayrat bilan.
Nig yana bolg‘achasi bilan tosh odamga yaqinlashdi. Uning ingichka barmoqlaridan birini urib sindirib oldi. Uni kaftiga qo‘yib yana bolg‘acha bilan urdi. Barmoq sopol singari maydalandi.
— Kiv, biz yanglishmaganmiz. Bu yerda hayot bo‘lgan. Balki hayot kechirishga sharoit qolmagach, bu xira yulduzni tark etgandirlar. Manavi tasvirlarni esa yodgorlik sifatida qoldirgandirlar?
— Gapingda jon bor. Bulardan bir nechasini dalil sifatida olib ketishimiz kerak.
— Albatta. Qaytishda olamiz.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:54:23
* * *

... Bu shahristonga «olovli yulduz» tushganidan xabar topgan qo‘shni mamlakat hukmdori bir qancha fozillarni to‘plab shu tomonga yubordi. Ular uch kunlik yo‘ldan so‘ng yerning tobora sarg‘ayib, qattiqlashib borayotganini sezdilar. Yer tuyoqlar zarbidan jaranglay boshladi. Fozillar olg‘a yurishni ham, qaytishni ham bilmay to‘xtab qolishdi.
— Bu yerlarga Xudoning qarg‘ishi tegibdi, bo‘lak qadam bosmasligimiz kerak, — dedi ularning biri.
— Ammo, shahristonda nima gapligini bilmay qaytmoqqa huquqimiz yo‘q.
— Shahriston ham balki butunicha toshga aylangandir. Shunday deb qaytaveramiz.
Ular tunni shu yerda o‘tkazib tongda bir maslahatga kelamiz, deb qaror qildilar. So‘l tomonda sarg‘ayib turgan kimsasiz bostirma ularga boshpana bo‘ldi. To‘rt chog‘li yoshi ulug‘roq fozil uy ichiga, olti chog‘li yosh esa ochiq havoga joy qildilar.
Yarim tunda uy yorishib, qush uyqusida yotgan fozillar uyg‘onib ketishdi. Tashqariga qarashdi. Baland bo‘yli, o‘zidan nur taratib turgan ikki kimsani ko‘rib hammalari duo o‘qimoqqa tutindilar. Nurli odamlarning uy tomonga yaqinlashganini sezib, to‘rtovlon o‘zini devor panasiga oldi.
Hovlida yotganlar ham uyg‘onib ketishdi. Cho‘chib o‘rnidan turgan ikki yigit o‘sha zahoti tosh bo‘lib qotdi. Buni ko‘rib boshqalarining turishga yuragi dov bermadi.
Kiv bilan Nig ikki yigitning sakrab turganini sezib shu tomonga yurdilar. Lekin ularning ham jonsiz tosh ekanini ko‘rib ajablanishdi.
— Nazarimda ular hozir harakat qilganday bo‘lishgan edi, — dedi Nig.
— Menga ham shunday ko‘rindi. Manavilarni qara, bular yotishibdi. Ular ham tosh. Bu yulduzda jonli mavjudot yo‘q ko‘rinadi. Bu toshlarni haykal desak, tartibsiz sochilib yotishi ajablanarli.
— Sirli jumboq ichiga tushib qolganga o‘xshaymiz. Endi kemaga qaytamiz. Bu yog‘iga piyoda yurish xavfli. Vaqt ham ko‘p ketadi. Sayohatni sayyorapoyda davom ettiramiz.
Ular shunday deb orqaga qaytdilar.
Nur uzoqlashib qorong‘ilik cho‘kkach, uydagilar bosh ko‘tarishga jur’at qildilar. Faqat devorga orqa qilib o‘tirgan fozilgina qimirlamadi. Fozillardan biri uni asta turtib o‘ziga keltirmoqchi bo‘ldi-yu, qo‘rquv bilan xunuk bir ovoz chiqarib jim qoldi: qariya toshga aylangan edi. Shu ko‘yi ular tongga qadar duoyi afsun o‘qib o‘tirdilar. Kun yorishgach, tashqariga chiqishga botindilar. Toshga aylangan yigitlarni, keyin haykalday qotib turgan otlarni ko‘rdilar-u, oyoqni qo‘lga olib izlariga qaytdilar.
Ko‘p azobli, uqubatli yo‘ldan so‘ng manzillariga yetib keldilar. Ko‘rganlarini chala-yarim aytib, ko‘rpa-yostiq qilib yotdilar. Sal quvvatga kirib yura boshlagan chog‘larida uchchovlari to‘ppa-to‘satdan bir kunda o‘lib qoldilar...
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:54:32
* * *

Nig bilan Kiv jonli mavjudot uchratishdan umidlarini uzdilar. Unetdan turib olib borilgan kuzatishlar bu xira yulduzda organik birikmalar mavjudligini, bu moddalarning erishiga mos suyuqlik ham borligini bir necha karra tasdiqlagan edi. Molekulyar komplekslarning vujudga kelishi uchun zarur bo‘lgan bu ikki omil ularda umid uyg‘otgan, uzoq safarga otlantirgan edi. Umidlari singan elchilar safarlarini noiloj to‘xtatib, kemaga ikki tosh odamni olib chiqdilar.
Yer yana qattiq silkindi. Qorayib turgan tuxumsimon kema ostida olov ko‘rindi. Tuproq o‘yilib har tomonga otildi. O‘lik shahar ustini g‘ubor qopladi.
Oradan yillar o‘tdi. Ammo hech kimsa bu jonsiz shahristonga yaqinlashishga jur’at etolmadi. Yurak betlab qadam bosganlar ham ko‘p o‘tmay to‘satdan o‘lib qolaverdilar. «Xudoning tavqi la’nati bosilgan» bu yer kimsasiz va unut bo‘lib ketdi.
Beayov yillar shamoli bu voqealarni odamlar yodidan asta-sekinlik bilan o‘chirib haqiqat yuziga afsona niqobini tortdi. «O‘lik» shaharni esa tuproq zarralari bilan ko‘mib tashladi. So‘ngra bo‘lib o‘tgan dahshatli voqealardan bexabar odamlar yana bu tomonlarga siljib kelaverdilar. Bir necha odam bo‘yi tuproq ostiga ko‘milgan shahar ustida qayta hayot boshlandi. Bu yerga qo‘noq bo‘lganlarning necha-necha avlodi oyog‘i ostida ajabtovur voqealarning guvohi bo‘lmish «tilla haykallar» borligini bilmay o‘tdi.
Yigirmanchi asrning so‘nggi choragida amaliyotchi talabalar kelib qolmaganda balki yillar g‘ubori ostidagi sirlar yana allaqancha vaqt ochilmay yotar edi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:54:45
VAKIL

Dotsent Bekmirzaevni qabrga qo‘yib qaytayotganlarida ba’zilar uning qismatiga achinib «O‘zini o‘tga-cho‘g‘ga uraverib juvonmarg bo‘ldi. Keyingi qazishmalari ham behuda edi», deyishdi. «Bekmirzaevning Yozyovondagi ishini to‘xtatish kerak», degan gaplar ham xuddi shu dafn marosimida aytili. Ammo bu shunchaki gap, hali rahbarlar bir qarorga kelishmagan edi. Shuning uchun dotsent Bekmirzaevning Yozyovondagi ishlariga ko‘mak berayotgan shogirdi Davron Hasanov zudlik bilan orqaga qaytdi. Yozyovonning kunbotar tomonini egallab yotgan yerdagi qazishma ishlari chala edi. Dotsent Bekmirzaev shu yerda ishchilar bilan chaqchaqlashib o‘tirib birdan yuragini ushladi-yu, tili ham so‘zga kelmay joni uzildi. Birov, garchi hojati bo‘lmasa-da, «Tez yordam»ga yugurdi. Davron esa bu mash’um xabarni markazga yetkazdi. «Tez yordam» bir soatga qolmay yetib keldi.
— Bemor qani? — dedi oq xalatli yosh yigit mashinadan tusha solib. Odatda vrach kelganda hamma unga peshvoz chiqardi. Bu yerdagilar esa e’tibor ham qilishmadi. Faqat Davron unga bir qarab olib «Bemor yo‘q», dedi. Vrach gangib qoldi.
— Tushunolmayapman. Axir menga...
— Ancha kechikdingiz.
— A? Mashinamiz yo‘lda... — Vrach odamlarga qarab tushuntirishning ortiqcha ekanini bildi. — O‘zi nima bo‘ldi?
— Sivilizatsiya sharofati. Sizlarning tilingiz bilan aytganda — ishemik asr!
— Tushunarli. Kechikkan bo‘lsam ham bemorni... marhumni ko‘rishim kerak.
— Marhamat, — Davron uni shu atrofdagi yagona daraxt ostiga tikilgan to‘rt kishilik chodir tomonga boshladi...
Davron mashinadan tushishi bilan shu voqealar yana qayta ko‘z oldida tiklandi. Chodirlar yig‘ilmabdi. Qazuv anjomlari ham tartib bilan terilgancha turibdi. Davronning ko‘zi katta chodirga tushdi-yu, yarasi yangilandi. Ustozining so‘nggi onlarini eslab yuragi ezildi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:54:53
O‘n besh kun o‘tmay markazdan ishni to‘xtatish haqida ko‘rsatma keldi. Davron dotsent Bekmirzaevning taxmin-hisoblari, o‘zining mulohazalarini bayon etib ishni davom ettirishga ruxsat berishlarini so‘rab xat yozib yubordi. Bir haftadan so‘ng eng so‘nggi rasm-rusmlarni o‘rniga qo‘yib kiyingan, qoshlari qizlarnikiday ingichka, xuddi shu qoshlardan andoza olganday ingichka mo‘ylab qo‘ygan, qaddi tik yigit Niyoz Mansurov — Davronning kursdoshi yetib keldi. Davron uni uzoqdan ko‘riboq hafsalasi pir bo‘ldi. Arxeologiyaga mutlaqo begona bu yigitning ma’lum bir chuqur ildizlar orqali oziqlanib bu sohada yurishi faqat unga emas, boshqalarga ham malol kelardi. Ammo bu olqindining kavushini to‘g‘rilashni hech kim udda qilolmasdi. Davron u bilan besh yil birga o‘qib, ba’zan amaliy ishlarda, ba’zan paxta terimida birga bo‘lib uning egilganini, tuproq tortganini yo bir chanoq paxtani etakka solganini, umuman korjoma kiyganini ko‘rgan emas. Shunga qaramay u diplomga erishdi. Yozyovondagi qazishma taqdirini bir yoqlik qilish uchun yuborilganidan ma’lumki, ishlari ham chakki emas.
Davronning nazarida Niyoz oddiy odamlar singari yashamas edi. U hayotni ulkan teatr deb bilib artistlik qilardi. To‘g‘ri, dunyoni bunday kishilar masalasida g‘arib deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, Niyoz so‘ppayib qolgan artist ham emas. «Hayot teatri»ning yana bir jihati borki, unda rol o‘ynayotganlarning ayrimlari niqobsiz, grimsiz harakat qiladi. Bundaylardan faqat nafratlanasan-u, ammo u qadar xavotirlanmaysan. Ayrimlari esa botinan niqoblangan bo‘ladi. Bulardan nafratlanishni bilmaysan. Chunki zimdan ish ko‘ruvchi odamga zimdan nafrat bildirish behuda. U bilan do‘st bo‘lishni ham, bo‘lmaslikni ham bilmay gangib yurasan. Niyoz xuddi shu toifadan. Bir kunda o‘nta odam bilan uchrashsa, o‘n xil niqobda, o‘n xil muomala qiladi. Qay gapi samimiy, qay gapi soxta ekanini xudosi ajratib bermasa, bandasi hal qilishi mushkul.
Niyoz Davronni ko‘rishi bilan qulochini keng yoyib keldi-yu, ammo qo‘l berib ko‘rishdi. Vaziyatni aniqlash uchun vakil sifatida tashrif buyurganini ma’lum qilib ishlar bilan tanishish istagini bildirdi. Davron uni atayin tuprog‘i ko‘pchib yotgan yo‘ldan boshladi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:55:01
Past bo‘yli, to‘ladan kelgan Davron ildam odimlaydi. Niyoz esa xuddi portlovchi moddani bosib olishdan qo‘rqqanday ehtiyotlik bilan qadam bosadi. U Davronning ortidan bir oz yurib do‘nglikka chiqdi-da, tuproqqa qorishgan shimining pochasini qoqib to‘xtadi.
— Meni qayoqqa boshlayapsan? Yumronqoziqqa o‘xshab o‘yib yotganlaringni ko‘rib turibman. Menga topilgan narsalarni ko‘rsat.
— Institutda ko‘rmadingmi?
— Besh-oltita sopol parchasini ko‘rdim, — dedi Niyoz istehzo bilan.
— Afrosiyobni qazishayotganda ham dastlab sopol parchalari chiqqan, deyishadi? — Davron hamrohining istehzosiga kinoya bilan javob berdi. Niyoz yon cho‘ntagidan sigara olib labiga qistirdi. Ammo o‘t oldirmadi. Uning bunday viqor bilan turishi ilm olamining vakilini emas, balki gangsterlar boshlig‘ini eslatardi. Niyoz atrofni kuzatgan bo‘lib indamay turdi. Keyin sigaraning uchini tishlab tashladi-da, tutatdi.
— Afrosiyobni, deysanmi? — U sigaraga hali uncha o‘rganmaganmidi yoki qattiqroq tortib yubordimi, har nechuk yo‘tali tutib so‘zini davom ettirolmadi.
— Hatto Pompeyada ham, — dedi Davron yana kinoya ohangi bilan.
Niyoz sigarani qutisiga joylab, cho‘ntagiga soldi.
— Pompeya bilan Afrosiyobning vaqti o‘tdi, oshna. Sen bilan mening chekimga bunday zo‘r ishlar tushmagan. Shuning uchun ko‘rpaga qarab oyoq uzatib yuraverish kerak. Og‘rimagan boshni og‘ritishdan nima foyda?
— Agar odamda bosh bo‘lsa og‘rib turgani ham ma’qul. Ba’zilariniki butunlay og‘rimaydi, deyishadi. Ular boshlari borligini ham unutib qo‘yishsa kerak...
Niyoz Davronning nimaga shama qilayotganini tushunib, qoshlarini chimirganicha qarab qo‘ydi.
— Ilmiy kengash ma’lumotlaringda arzirli fikr yo‘q, degan qarorga kelibdi.
— Ayrim bilimdon o‘rtoqlar shunday deb ilmiy kengashni chalg‘itgandir?
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:55:08
Davron endi Niyozning «ildizini» — rahbarlik lavozimlaridan birini egallab turuvchi qarindoshini nazarda tutgan edi.
— Men bu yerga ayrim odamlarning istagi bilan kelganim yo‘q.
— Agar ilmiy kengash sen aytgan qarorda bo‘lganida qadam ranjida qilishingga mutlaqo hojat qolmasdi. Ishni to‘xtatish haqida qat’iy buyruq yuborishardi. Shunday emasmi?
— Balki... Lekin men yomon niyatda kelganim yo‘q. Pichingsiz gaplashsak bo‘laveradi. Sen meni yoqtirmaysan, buni yaxshi bilaman. Men ham seni ko‘ray, deb sog‘inib kelmaganman. Buni o‘zing tushunib turibsan. Shunday ekan, erkak kishining ochiqchasiga gaplashgani durust. O‘rtamizda qarz yo‘q. Amal ham talashmaymiz. Men o‘z nasibamni, sen o‘zingnikini terib yuribsan.
— Juda o‘rinli ajrim qilyapsan. Qani, sigaradan ol, bir tutataylik. — Niyoz unga sigara tutdi. — O‘zingchi?
— Chekkim yo‘q, — Niyoz shunday deb yoqqichni yoqdi.
— O‘h-ho‘, — dedi Davron sigara tutatib, — o‘tkir ekan... Dunyo xuddi ikkiga bo‘linganga o‘xshaydi. Mana, hozirgi gaplaringni qara. Biz besh yil birga o‘qidik. Ammo sira osh-qatiq bo‘lganimiz yo‘q. To o‘lguncha salom-alikdan nariga o‘tmaymiz. Hatto u dunyoda ham sirdosh bo‘lolmasak kerak. Nimaga shunday ekan?
— Fe’limiz boshqa-boshqa.
— Fe’l emas, dunyoqarash, degin. Qiziq, ikkovimiz ham odam bolasimiz, lekin ko‘rinishimiz o‘xshamaydi. Ikkovimizda ham salkam uch kilolik miya bor, biroq boshqa-boshqa fikrlaymiz. Hatto kasbimiz bir, ammo tutgan yo‘limiz ayri. Hamma gap shu tanlangan yo‘lda bo‘lsa kerak. Ikkovimiz poezd yo‘lidagi ikkita relsdamiz. Ketaveramiz, ketaveramiz, yo‘limiz esa sira kesishmaydi.
— Bunga hojat bormikin?
— Balki yo‘qdir?
— Birga o‘qiganimiz hurmati men barcha injiqligu pichinglaringga chidab beraman. Boshqa odam kelganda nima qilarding? Fikringni qanday isbot etarding?
— Boshqa odam hech bo‘lmaganda tuproq tarkibidagi tilladan xulosa chiqarib olardi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:55:16
O‘n besh kun o‘tmay markazdan ishni to‘xtatish haqida ko‘rsatma keldi. Davron dotsent Bekmirzaevning taxmin-hisoblari, o‘zining mulohazalarini bayon etib ishni davom ettirishga ruxsat berishlarini so‘rab xat yozib yubordi. Bir haftadan so‘ng eng so‘nggi rasm-rusmlarni o‘rniga qo‘yib kiyingan, qoshlari qizlarnikiday ingichka, xuddi shu qoshlardan andoza olganday ingichka mo‘ylab qo‘ygan, qaddi tik yigit Niyoz Mansurov — Davronning kursdoshi yetib keldi. Davron uni uzoqdan ko‘riboq hafsalasi pir bo‘ldi. Arxeologiyaga mutlaqo begona bu yigitning ma’lum bir chuqur ildizlar orqali oziqlanib bu sohada yurishi faqat unga emas, boshqalarga ham malol kelardi. Ammo bu olqindining kavushini to‘g‘rilashni hech kim udda qilolmasdi. Davron u bilan besh yil birga o‘qib, ba’zan amaliy ishlarda, ba’zan paxta terimida birga bo‘lib uning egilganini, tuproq tortganini yo bir chanoq paxtani etakka solganini, umuman korjoma kiyganini ko‘rgan emas. Shunga qaramay u diplomga erishdi. Yozyovondagi qazishma taqdirini bir yoqlik qilish uchun yuborilganidan ma’lumki, ishlari ham chakki emas.
Davronning nazarida Niyoz oddiy odamlar singari yashamas edi. U hayotni ulkan teatr deb bilib artistlik qilardi. To‘g‘ri, dunyoni bunday kishilar masalasida g‘arib deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, Niyoz so‘ppayib qolgan artist ham emas. «Hayot teatri»ning yana bir jihati borki, unda rol o‘ynayotganlarning ayrimlari niqobsiz, grimsiz harakat qiladi. Bundaylardan faqat nafratlanasan-u, ammo u qadar xavotirlanmaysan. Ayrimlari esa botinan niqoblangan bo‘ladi. Bulardan nafratlanishni bilmaysan. Chunki zimdan ish ko‘ruvchi odamga zimdan nafrat bildirish behuda. U bilan do‘st bo‘lishni ham, bo‘lmaslikni ham bilmay gangib yurasan. Niyoz xuddi shu toifadan. Bir kunda o‘nta odam bilan uchrashsa, o‘n xil niqobda, o‘n xil muomala qiladi. Qay gapi samimiy, qay gapi soxta ekanini xudosi ajratib bermasa, bandasi hal qilishi mushkul.
Niyoz Davronni ko‘rishi bilan qulochini keng yoyib keldi-yu, ammo qo‘l berib ko‘rishdi. Vaziyatni aniqlash uchun vakil sifatida tashrif buyurganini ma’lum qilib ishlar bilan tanishish istagini bildirdi. Davron uni atayin tuprog‘i ko‘pchib yotgan yo‘ldan boshladi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:55:25
— Men uchun biror kuningni ajrata olasanmi? — deb so‘radi Niyoz chodirga yaqinlashganlarida.
— Nima edi?
— Komandirovka muddati bir hafta. Shu atrofda yaxshi yerlar bor, deb eshitaman.
Ikki kundan beri Davronning yuragi siqilib qadrdonlarini qo‘msayotgan edi. Shu uchun «Mehmonning istagi bahona bo‘lib oyoqning chigilini yozsammikin», degan xayolga keldi-da, «Yaxshi, erta bo‘lsin-chi, biror yoqqa boramiz», dedi. Niyoz Davronning darrov ko‘na qolganidan hayron bo‘ldi. Chunki u «Qandaydir bahonani pesh qilib, iltimosimni yerda qoldiradi», deb o‘ylagan edi.
Oqshom tushib, chodir yonida davra qurildi. Gulxan yoqildi. Qorayib ketgan qumg‘ondagi suv qaynab-toshib go‘yo o‘tni o‘chirmoqchi bo‘ladi. Gulxanning qumg‘on turgan tomoni bir oz pisillab, tutaydi-da, keyin yana alanga avjiga qo‘shiladi. Davron sim halqani qumg‘onning bo‘yniga ilib uni otash bag‘ridan oldi. Bir kaft quruq choy tashlab, uch bora qaytardi. Hamisha qiziydigan davra bugun, mehmon bor uchun, uncha qovushmay turardi. Qirg‘iyburun mehmonning kibr bilan gapirishi gurung me’yorini buzib qo‘ygandi. Natijada bu safargi choy oxirigacha ichilmadi.
Niyoz yo‘l yurib charchaganidanmi yo shaharda barvaqt yotishga ko‘nikkani uchunmi, chodirga kirib ketdi. Davron yig‘ma karavotini tashqariga olib chiqib yoydi. Junchoyshab tashlab chalqancha tushganicha qo‘llarini yostiq qildi. Uyqusi kelmadi. Osmon toza. Yulduzlar jimirlaydi. «Qaysi bir shoir paxtazorni yulduz toshgan osmonga o‘xshatgan edi. Bir qaraganda chiroyli taqqos. Agar u paxtaning taftini his qilganda sovuq yulduzlarga qiyos etmas edi. O‘sha shoir ham Niyozga o‘xshagan odam-da. Soqi sumbati joyida, yuragi esa faqat qon haydash bilan band. Lekin sezgi, his, tuyg‘u, dard degan tushunchalar mutlaqo begona. Niyoz o‘zicha menga yordam qilmoqchi. Rozilik berishga majburman. Bo‘lmasa, ish chala qoladi. Odam ko‘p hollarda ongli ravishda ongsizlik qiladi. Bilib turib, istagiga, maslagiga zid ravishda qadam tashlaydi. Hamisha shunday bo‘lib kelgan. Nahot bu davom etsa? Yo‘q, qachondir bunga chek qo‘yiladi. Kim chek qo‘yadi? Kimdir birinchi bo‘lib Niyozlar toifasiga qarshi chiqadi. Kimdir? Kim? Nima uchun men emas? Qo‘rqamanmi? Nimadan? Jur’atim yetishmaydimi? Qo‘rqmayman, jur’atim ham yetarli. Ammo yolg‘izman. To‘g‘ri, hozircha atrofimda maslakdoshlarim bor. Biroq, hujum boshlangach, chekka-chekkaga chiqib oluvchilar ko‘payadi. Kurashga chog‘langanlarning biri Asad Bekmirzaevich edi. Haybarakallachilar ko‘p bo‘ldi. Majlis chaqirishdi. Asad Bekmirzaevich ularning qalqoniga aylandi. Qing‘ir ishlar fosh qilindi. Akademiyaga xat yuborish masalasi ko‘tarilganda biri: «Ikki marta uylanganman, sharmandam chiqadi», dedi, biri: «Ilmiy kengash a’zosiman, qo‘l qo‘yolmayman», dedi, yana biri: «To‘g‘ri-yu, to‘g‘ri emas-da», deb lanjlik qildi. Qani, qani, deb rag‘batlantirgan azamatlar oqibatda, «Qoziqning boshi ham, uchi ham bo‘lma», degan maqolga sodiq qolishdi. Akademiya prezidentiga Asad Bekmirzaevichning o‘zi ro‘para bo‘ldi. Uning dalillari isbotlanib, institutda o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yo‘qsa, butunlay yomonotliqqa chiqardi. Hayotning chalkashliklari behisob ekan, tishimiz o‘tmaydigan muammolari garang qilib yuboradi kishini... Xudo jonivorlarni yaratganda, yaxshi hamki, tuyaga shoxu mushukka qanot bermagan, deyishadi. Shu fozilligini Xudo odamlarga ham ishlatmagan ekan-da. Odamni yaratgach, mansablarni qalashtirib «Istaganingni tanlayver, qobiliyatingga emas, istagingga qara. Agar shu bilan to‘ysang, olaver», degan shekilli. Koshki mansabparast odamni to‘ydirish mumkin bo‘lsa! Asad Bekmirzaevich haqiqat uchun kurashdi. Lazzatini esa mana shu Niyozning qarindoshi totdi. O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir, deydilar-ku. To‘g‘ri gap. Niyoz ham qarindoshidan o‘tib qayga borar edi! Mana, vakil bo‘lib kelibdi. Kechagina arxeologiya desa, qulog‘ini ko‘rsatardi. O‘nta darsdan bitta choyxona palovni afzal ko‘rardi. Endi menga aql o‘rgatmoqchi. Butun bir ekspeditsiyaning taqdirini hal qilmoqchi. To‘g‘ri, mablag‘ ketyapti. Davlatning pulini behuda sovurmasligimiz kerak. Lekin hamma narsani pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi-ku! Balki xalqimiz tarixida yangi sahifa ochuvchi manbalar xuddi shu tuproq ostidadir. Buni Niyoz hech qachon fahmlay olmasa kerak... G‘uj-g‘uj yulduzlar. Osmon qaynayotganga o‘xshaydi. Yulduz uchdi. Osmonni poralab, uzun nurli iz qoldirib so‘ndi. Ilgarilari shunga qarab «bir odam o‘ldi», deyishardi. Necha yuz yillar shu fikr hukmron edi. Endi kometa yoki meteorit uchdi, deb izohlashadi. Fanda isbot etilgan bu fikr yillar davomida hukmronlik qilar, lekin mutlaq bo‘lolmas. Balki bularning bari kometa emasdir? Balki bu biror fazoviy kemaning izidir? Balki u uzoq yulduzdan biz tomonga kelayotgandir. Uning nuri fazoning qaysi bir bo‘lagida ko‘rinib qolgandir. Bo‘lishi mumkin-ku axir? Biz bir qoidaga mahkam yopishib olishga o‘rganib qolyapmiz...»
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:55:35
— Mulla Davronbek, uxlaganingiz yo‘qmi?
Davron o‘rta yashar kishining muloyim ovozini eshitib boshvoqsiz xayollar komidan qutuldi. O‘rnidan turdi.
— Yotavering, tinchingiz buzilmasin. Bu deyman, o‘g‘lim, yulduz sanayatuvdingizmi yo Xizr buvani kutyatuvdingizmi?
— Unisi ham, bunisi ham emas. Qani, Yigitali aka, o‘tiring, — Davron shunday deb karavotdan joy ko‘rsatdi. Biroq Yigitali aka do‘nglikka chordona qurdi. Kaftiga nos to‘kib, tili ostiga tashladi. Ellik yoshlarga borib qolgan, tomirlari bo‘rtib turuvchi bu kishi ekspeditsiyaga yaqinda qo‘shilgan, aytishicha, raisning ko‘zbo‘yamachiligiga qarshi chiqib, kolxozdan ketib qolgan edi. Uyi bu yerdan uzoq emas, shuning uchun asosan qatnab ishlardi. Ba’zi-ba’zida gurungtalab bo‘lgan kezlari shu yerda tunab qolardi. Peshonabog‘ini tang‘ib astoydil ishlovchi Yigitali akani barcha behad hurmatlar, u ham yigitlarga o‘g‘lim, deb murojaat qilardi.
— Eski hisob bo‘yicha bugun laylatulqadr kechasi. Hamma Xizr buvani kutadi, — dedi Yigitali aka kaftini qoqib. — Menam kutganman. Otam ham kutgan. Otamning otasi ham kutgan bo‘lsa kerak. Lekin hech qaysimiz Xizr buvani ko‘rmaganmiz. Xizr buva laylatulqadr kechasi ko‘ringanlarida hammayoq yorishib ketadi, shunda nimaniki ushlasang, o‘sha oltinga aylanib qoladi, deyishardi. Qadimda shu qishlog‘imizdagi bir juvon Xizr buvani ko‘rganmish. Qo‘rqqanidan bolasini ushlab olgan ekan, go‘dagi rosmana tillaga aylanib qolibdi. Zor-zor yig‘labdi bechora. Keyin boshiga muhtojlik tushganida bolasining bitta barmog‘ini kesib zargarga sotibdi. Bir yildan keyin laylatulqadr kechasida yana Xizr buva o‘tibdilar. Juvon yana qo‘rqib bolasiga yopishgan ekan, chaqalog‘iga jon kiribdi-yu, kesilgan barmog‘idan qon otilibdi. Bu rivoyatni kichkinaligimizdan qulog‘imizga quyaverib ishontirib qo‘yishgandi. Endi bu gapga hech kim ishonmaydi.
Yigitali aka shunday deb nosni tupurdi-da, to‘nining yengi bilan og‘zini artdi.
— Bizlar omi bo‘lganmiz-da, har narsaga ishonaverardik.
— Ishongan ham yaxshi, Yigitali aka, — dedi Davron, — ba’zilar hech narsaga ishonmay, qolganlarni garang qilib yuborishadi.
— Besh qo‘l baravar emas. Hali bir bashang yigit bilan yuruvdingiz. Ishlarimizni tekshirdimi, nima deydi?
— Ishlarimiz durust ekan.
— Unday bo‘lsa mayliga. «Ishni yig‘ishtirarkanmiz», degan uzunquloq gaplar oraladi.
— Bu hozircha noma’lum.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:55:49
— Sizga-ku bari bir. Bu yer bo‘lmasa boshqa yerga borib shu ishingizni qilaverasiz. Men yana tavbamga tayanib kolxozga qaytishim kerak. Rayonda ishlay olmayman, shaharga ketolmayman.
— Yigitali aka, paxta ishi shuncha yuragingizni olib qo‘yganmi?
Yigitali aka nima deb javob berishini bilmay qarab qoldi. Nosqovog‘ini kaftiga shap-shap urdi.
— E, o‘g‘lim-a, g‘aroyib savollarni berasiz. Dehqonning bolasiga ham shunday deydimi? Men paxtadan bo‘lak nima ko‘ribman bu dunyoda? O‘n ikki yoshimda yelkamga ketmon tashlab dalaga chiqib kattalar bilan baravar ishlar edim. Paxtadan sira nolimaganman. Paxtadan bo‘yin tovlagan dehqonning ko‘zi ko‘r bo‘ladi.
— Yigitali aka, aybga buyurmang, yoshlik qilib noo‘rin so‘z aytib yuboribman.
Yigitali aka indamadi. Tomoq qirib qo‘ydi. Do‘ppisini olib boshini silagan bo‘ldi. Davron oradagi noqulaylik chodirini ko‘tarish uchun so‘zini davom ettirdi:
— Men ham paxtakordan chiqqanman. To maktabni bitirgunimcha daladan beri kelmas edim. Qishloq bolalarining ahvoli o‘zingizga ma’lum. Shu kasbga ishqim tushib, o‘qidim. Bir navi ishlab yuribman. Ammo ko‘pincha ko‘ngil paxtaga tortib ketadi. Dalani qo‘msab qolaman. Men-ku, sizning oldingizda bir go‘dakman. Dehqonman, deb ko‘kragimga mushtlay olmayman.
— Gapingizga tushunib turibman. O‘zingizni qiynamang. Men rahmatli Asadjonga kolxozdan ketishimning sababini aytmoqchi bo‘lganimda «Shart emas, o‘tmishingiz bizni qiziqtirmaydi, halol ishlab bersangiz bas», degan edi. Sizga qiziq tuyulsa, aytishim mumkin. Unvonim bo‘lmasa ham paxta ilmini bir olimchalik bilaman. Maqtanyapti, deb o‘ylamang. Yerning taftiga qarab turib vaqtida chigit tashlayman, g‘o‘zaning rangiga qarab suv beraman. Boshqalarga o‘xshab radioda «Chigitni tezroq va sifatli ekaylik», desa ekib tashlayvermayman. U yerdagilar o‘tirgan joyida laqillayveradi. Dehqonning kallasi ishlashi kerak, ko‘zi o‘tkir bo‘lishi lozim. E, bularni sizga uqtirishning hojati yo‘q. Xullas, avval rais bilan urishdim. Dorilaring xalqni ezib yubordi, bas qil, dedim. Unamadi. Hadeganda dori sepadi. Dori deyish ham noto‘g‘ri bo‘lib qoldi. Dorini-ku, foydasi bor. Paxtaga sepadiganimiz esa naq zaharning o‘zi. Odamlar chekka-chekkadan gapirishadi. Ammo raisga betlashishmaydi. Bir kuni radioda rayonimizni gumburlatib tanqid qilib qolishdi. Qodir Maxsum deganlari «Terim sur’ati past, defoliatsiya kechiktirilyapti», deb qoldi. U-ku, shahardan tashqariga chiqmaydi. Birov yozib berganini o‘qiydi. Bu yerdagilarning kallasi qayda ekan? Havo past kelgan, g‘o‘za vaqtida suv ichmagan. Rivoji sust. Yo‘q, vakil ketidan vakil bosib defoliatsiyani boshlatishdi. Qo‘shni kolxozda bo‘lam turadi. Bo‘yi yetgan qizi to‘ppa-to‘satdan qaytish qilib berdi. Tekshirib qarashsa, ariqdan suv ichib qo‘ygan ekan. Bu qanday bedodlik o‘zi, suv ichsang zaharlansang, nafas olsang zaharlansang. Aybimiz dehqon bo‘lib dunyoga kelganimizmi? Paxta ekkanimizga rahmatmi, bu. Men dalaga zahar septirmayman, deb turib oldim. Planni hammadan keyin bo‘lsa ham bajardik. Lekin brigadani oqsatib qo‘ydi, deb suvchilikka tushirishdi. Hay, dedim. Ota-bobom brigadir o‘tmagan, amalsiz qolsam biror yerim kamaymas. Dalada yurib yerga rahmim keladi. Yer bangiga o‘xshab qolgan. Quruq. Kuchi yo‘q. Turgan bitgani dori. Yerga shunchalar azob beradilarmi-a? Men brigadirligimda bir arava sun’iy o‘g‘it tashlagan yerimga yangisi ikki hissa tashlaydi. Hoy, desam, qaramaydi. Yerga rahmi kelmaydi. O‘zingni o‘ylamasang, bola-chaqangni o‘yla, bachchag‘ar, deyman. Bizni boylab bergani yo‘q, erta-indin bir quloch yerni egallab yotamiz. Bu yer bola-chaqamizni, nevara-evaralarimizni ham boqishi kerak. Bu ahvolda ertaga yerda tuproq qolmaydiku. Ohakda paxta yetishtirishadimi? Men yerga achinsam ular qo‘ldan ketgan amaliga achinyapti, deyishdi. Tilimni tishladim. Ammo sabr kosasi tubsiz bo‘lmaydi, o‘g‘lim. Etakni qoqib, ketmonni so‘riga ilib qo‘ya qoldim. Rahmatli Asadjonga uchrashgan edim, ish berdi. Mana shunaqa, o‘g‘lim, non-nasibamiz shu yerda ham bor ekan...
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:56:36
Yigitali aka yana kaftiga nos to‘kdi-da, tilining tagiga tashladi.
— Shuncha qirg‘in ishlarni bilar ekansiz, yozmaysizmi?
— Men dehqonman, shikoyatchi emasman.
— Ie, siz «Men dehqonman», deb qo‘l qovushtirib tursangiz, boshqasi ham shunday desa, haqiqat uchun kim kurashadi? Yo Xizr buvani kutasizmi?
— To‘g‘risini aytsam, bir yozish niyatim ham bor edi. Ammo epaqaga keltirishim qiyin. Siz mulla yigitsiz, men aytib tursam, siz lab-lunjini to‘g‘rilasangiz.
— Bo‘pti. Bir holi o‘tirsak, uddalaymiz. Men ertaga «bashang yigit»ni bir sayrga olib chiqmoqchiman. Qaytganimdan so‘ng, yozamiz.
— Qaerga chiqmoqchisizlar?
— Sirdaryoning bo‘yiga.
— Ulovlaring bormi?
— Ulov — o‘zimizning qadrdon avtobus-da.
— Bo‘lmasa, menga ham dam bering. Qishloqqa tushib ulovni olib chiqay. Sizlarga qo‘shilib men ham bir yayray.
Davron rozilik bergach, Yigitali aka o‘rnidan turdi. Davronning ko‘ziga anchagacha uyqu kelmadi. Yana qo‘lini yostiq qilib osmonga tikildi. Samo endi ko‘zlariga xuddi sanoqsiz taqinchoqlar ilingan qora baxmalga o‘xshab ko‘rindi. Bu osmon, ko‘z ilg‘agan bu yulduzlar bilan yolg‘iz, yuzma-yuz qolsang ajib, o‘zingga ham tushunarsiz bo‘lgan holga tushasan. Davron ham samo sehriga bandi bo‘lib, xayollariga erk berdi. Birdan qulog‘i shang‘illadi. Kimdir g‘ashni keltiradigan darajada hushtak chaldi. Keyin bu hushtak eski eshikning g‘ijirlashiga o‘xshagan ovozga aylandi. So‘ng kimdir uning ustida turib olib shivirlaganday bo‘ldi. Yuragi tez-tez ura boshladi. Bosinqirayapman shekilli, deb o‘rnidan turmoqchi edi, qo‘zg‘ala olmadi. Ko‘zga ko‘rinmas bir odam ko‘kragidan bosib qimirlashga yo‘l bermadi. «Yomon tush ko‘ryapman, uyqudan uyg‘onishim kerak», deb o‘yladi. Biroq u uxlamagan, ko‘zlari ochiq edi. Hamon yulduzli samoga tikilib yotardi. Yulduzlarning jimirlashini, ba’zan uchishini aniq ko‘rardi. Nima gap o‘zi? Nima uchun bunday holga tushyapti? U ko‘zlarini yumdi. Shu choq chodirga bo‘yi taxminan ikki yarim, uch metr keladigan, fazogirlar kiyimidagi, boshlari yassiroq ikki odam yaqinlashdi. Davron cho‘chib ko‘zini ochdi. Atrof kimsasiz — hech kim yo‘q. Ichkarida Niyoz yengil xurrak tortyapti. Gulxan o‘chgan. Mayda cho‘g‘lar yulduzlarning yerdagi aksiga o‘xshaydi. Davron shasht bilan o‘rnidan turdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:56:48
QALTIS HAZILMI?..

Niyoz hech bir mulozamatsiz mashinaning oldingi eshigini ochdi-da, o‘rindiqning changini qoqdi. O‘rnashib o‘tirgach, portfelini orqa o‘rindiqqa tashladi-da, eshikni qars etib yopdi. Uning bu ishi Yigitali akaga biroz malol keldi. O‘zicha: «Amalni yaxshi ko‘radigan izzattalab toifadan ekan», deb qo‘yib Davronga savol nazari bilan qaradi. Davron esa hech narsa sezmaganday orqa eshikni ochdi.
— Ketdikmi, Yigitali aka?
— Ketsak ketaveramiz-da...
Mashina o‘ydim-chuqur yo‘llardan shoh tashlab yurib ketdi. Ichkariga chang ufurdi. Niyoz shoshib oynakni ko‘tardi. Keyin cho‘ntagidan ro‘molcha chiqarib qavat-qavat qilib taxladi-da, bo‘yniga tashlab oldi. Yigitali aka ko‘z qiri bilan uning harakatini kuzatardi. Niyozning nimasidir, yuz tuzilishimi, bashang kiyinishimi Yigitali akaga yoqmadi. Odamning tashiga qarab baho berish noto‘g‘ri. Ammo bu mehmon bilan gurung qurishga mayli bo‘lmayapti. O‘zi-ku, mehmonning ko‘nglini olay degan maqsadda yarim tunda qishlog‘iga piyoda jo‘nab mashinasini olib keldi. Mehmon yaxshimi, yomonmi, bari bir izzatini joyiga qo‘yishi kerak. Ajdodlardan qolgan udum uning vujudiga singib ketgan. Lekin bari bir bu yigitni jini suymayroq turibdi. Shuning uchunmi, suhbatni boshlab yuborguvchi aqalli bir kalima ham tilga kelmayapti. Davron ham nimagadir jim. Uyqusi chala bo‘lganmi, ko‘zini yumib olgan...
Mashina katta yo‘lga chiqqach, Niyoz oynakni tushirdi. Yuzini shamolga tutdi.
— Oh, oh, havoni qarang, qaymoqqa o‘xshaydi! — dedi u.
Yigitali aka kulimsirab bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Mashina o‘zingiznikimi?
— Ha, o‘zimniki.
— Ancha urintirib qo‘yibsiz.
— Yo‘lni ko‘rdingiz, mashina yana ham chidaydi.
— Qanchaga olgan edingiz? Butunlay shalag‘i chiqmay turib sotib yuboring?
— Nimaga?
— Nimaga bo‘lardi, yangisidan olasiz.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:56:56
Yigitali aka Niyozning gapidan ajablanmadi. Avval ham bir-ikki odam shunday maslahat bergan edi. Dunyo dunyo bo‘lib, odam zoti idrok qila boshlagandan beri necha yuz avlod yangilandi. Ammo ularning toifalarida sezilarli o‘zgarish yo‘q, deyish mumkin. Chunki yaxshi va yomon odam ming yillar ilgari ham bor edi, hozir ham mavjud. Bu tushuncha yana necha asr saqlanib qolar ekan? Hozir birovga «yomon odam» deb baho berib bo‘lmaydi. Ko‘rinishidan binoyi, aqlli, savodli, birov bilan gaplashganda jilmayib turadi. Qani, shu odamni ayblab ko‘ring-chi! Mana shu eskib borayotgan mashinani sot, deb aql o‘rgatayotganlarni yomon odam, deb bo‘ladimi? Bir qarashda ular mashina egasiga kuyinishyapti, achinishyapti. Boshqa tomondan-chi? Eng birinchi o‘ringa o‘z manfaatini qo‘yuvchilarga «muqaddas» degan tushuncha borligini uqtirib bo‘larmikin? Kuyib-pishib gapirayotgan chog‘ingizda miyig‘ida kulib, sizni masxara qilsa-chi? Yigitali aka umri davomida har xil odamni ko‘rdi. Bugungi mehmonning gaplari uning kimligini oshkor qilib qo‘ydi.
Suhbatni Niyoz boshladi. Mezbonlik burchi Yigitali akaga uni davom ettirish majburiyatini yuklagan edi. Tushuntirish uchun emas, azbaroyi suhbatni davom ettirish uchun Yigitali aka mehmonga bir qarab olib «Yo‘-o‘q, buni sotolmayman», dedi.
— Sotolmayman, deganingiz nimasi, sakson ming yuribdi, anavi mataxni orqasiga aylantirib yigirma mingga keltiring, u yer-bu yerini artib, moylab, burang, tamom. Shaharga olib boring, kamida oltiga sotasiz, men kafilman.
— Sotaman desam, shu yerda xaridor topiladi. Avvalambor, mehmon, ko‘zbo‘yamachilikka toqatim yo‘q. Qolaversa, bu mashinani mukofotga berishgan. Har qancha puldan ham qimmatli.
— Mukofotga?
— Ha.
— Ilgari qaerda ishlardingiz?
— Qishloq odami qaerda ishlardi, paxtada-da.
— Mexanizatormidingiz?
— Kerak bo‘lganda mexanizatorlik ham qilganmiz.
— Ie, shunday ishni tashlab...
Niyoz gapini nihoyasiga yetkaza olmadi. Davron uning yelkasiga asta turtdi Niyoz orqasiga qaradi:
— Uyg‘ondingmi?
— Hozir barxanlarning orasidan o‘tamiz.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:03
Niyoz Davronning muddaosini anglab «Bir gap borga o‘xshaydi», deb qo‘ydi. Mazmunsiz savol-javobdan iborat «gurung» uzildi. Niyoz yana yuzini shamolga tutdi.
— Eshitishimga qaraganda, ba’zi birovlar to kuzgacha gashtini surib, terim boshlanishi bilan dalaga chiqar ekan. Besh yuzmi, olti yuz tonnami terib bir mashinaning pulini kissaga urib yana ketaverar ekan, shu gap rostmi?
Yigitali aka Niyozga bir qarab oldi.
— Rost. Shundaylar ham bor.
— Men sizni o‘shanaqa odam demoqchi emasman, yana ko‘nglingizga kelmasin.
— Be, mehmon, sira ko‘nglimga kelmadi. Gapiroviring.
— Mukofotga mashina berishgan bo‘lsa chakki ishlamagan ekansizda. Ordenlardan ham bormi?
— Bor.
— Nechta?
— Sanash shartmi?
— Shunchaki qiziqish-da... Har holda ekspeditsiyada yurganingiz qiziq tuyulyapti.
— Do‘xtirlar kasbingizni o‘zgartiring, deyishdi.
— Ekspeditsiya ishini to‘xtatsa nima qilasiz?
— Ungacha, xudo poshsho, ko‘chada qolmasmiz.
— Bola-chaqalar qo‘ltig‘ingizga kirib qolishgandir?
— Ha... — Yigitali aka Niyozga qarab kuldi.
— Nimaga kulyapsiz? — dedi Niyoz o‘zini noqulay sezib.
— Bunchalik qiziquvchanligingizni bilsam, uyda yozib qo‘yilgan tarjimai holim bor edi, shuni olvolar ekanman.
Davron kulib yubordi. U kulganda yumaloq yuzi yana ham to‘lishganday bo‘lar, ko‘zlari qisilib ketardi. Yigitali akaning hazili Niyozga ham yoqdi. Ovozini baralla qo‘yib xaxoladi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:11
Yo‘l chetidagi daraxtlar siyraklasha boshladi. Ko‘p o‘tmay mashina ikki tomonida qum barxanlari yastanib yotgan yo‘lga kirdi. Davronning nazarida bu qumlar g‘aroyib sirlarini odamlardan yashirib yotganga o‘xshaydi. Qizilqumdagi yoki Qoraqumdagi barxanlar hech kimni taajjubga solmaydi. Lekin vodiyning qoq o‘rtasida mitti sahroning yastanib yotishi sirli tuyuladi. Davron bu yo‘ldan har o‘tganida shuni o‘ylaydi. «Nima bu? Tabiatning qaltis hazilimi? Balki qadimda vodiy o‘rni bus-butun shunday bo‘lib, odamlarning matonati tufayli bo‘stonga aylangandir? Balki qumlik bilan olishgan bobokalonlarimiz avlodlarga yodgor bo‘lsin, deb sahroning bir qismini tabiiy muzey sifatida qoldirishgandir?..»
Taram-taram bo‘lib turgan qum barxanlari kun tikkaga kelgach, quyoshning o‘tli tig‘ida qizigandan-qiziydi. Jonsarak kaltakesaklar odam sharpasidan cho‘chib in-iniga kirib ketadigan bo‘lib qolgan. Bu jonivorlarning ham halovati buzilgan. Barxanlardan odamzod oyog‘i arimaydi. Tunovi yili shu yo‘ldan o‘tayotganida qumlikka saksovul ekib yurganlarni ko‘rgan edi. Saksovul ikki qarich bo‘lib qolibdi.
— Qumga bir narsa ekilgan, shekilli? — dedi Niyoz Davronga qarab.
— Erta bahorda rayhon sepib qo‘yishgan edi, — dedi Davron Niyozning johilligidan g‘ashi kelib.
— Juda ishondim, — dedi Niyoz uning kinoyasini tushunib.
— O‘rtog‘ingiz hazillashyaptilar. Qumlikka saksovul ekishgan.
— Saksovul? Nima keragi bor ekan? Bu yerlarni o‘zlashtirmoqchi edi-ku?
— Nima deyapsiz, salkam o‘n ming gektar keladi bu qumlik. Epaqaga keladigani o‘zlashtirildi. Qumni yerga ko‘mib, soz tuproq tortib paxta ekishyapti. Dalani qum bosmasin, deb saksovul o‘tkazishyapti. Bechoralarga ham jabr. Har yili saksovul ekishadi.
— Tutmaydimi?
— Tutishga-ku tutadi, endi bosh ko‘targanda poda haydab qo‘yishadi. Qancha janjal ham bo‘lgan. Jarima ham to‘lashgan. Bari bir ahvol o‘zgarmaydi. Saksovulga ikki yil tegmasangiz foydaning tagida qolasiz. Ammo shunga sabr qilishmaydi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:17
— Yigitali aka, siz dehqon odamsiz, — dedi Davron, — qumlikni bora-bora butunlay yo‘qotishadi, shu ishni to‘g‘ri deb o‘ylaysizmi?
— Xalqimizning tabiatida tek turish odati yo‘q. G‘imirlagani-g‘imirlagan. Yarim quloch yer bo‘sh yotganini ko‘rsa, u-bu ekib qo‘yadi. Qumning o‘rnini ham ekinzor qilib yuborishadi.
— Shunda to‘g‘ri bo‘ladimi?
— Buning nimasi noto‘g‘ri?
— Qumliklarni butunlay yo‘q qilish iqlimga ta’sir etmaydimi?
— Buning foyda-zarari menga qorong‘i. Sizlar olim odamlarsiz. Men qaydan bilay?
Yigitali akaning bu gapi Niyoz uchun bir fatvo bo‘ldi. Niyoz har qanday davrada, har qanday sharoitda bilimlarini namoyish qilishga tirishar edi. Ko‘p hollarda (davradagilarning saviyasiga qarab) «Zamon allomasi» darajasiga ham yaqinlashib qolardi. Gap tabobatga taqalsa yangi kasalliklardan, fazoviy muammolar xususida gap ketsa, qaysi sayyorada hayot borligidan so‘z ochardi. U anoyi emas — bu yangiliklarni sira izlab, o‘qib, o‘rganmagan. Davra, gurunglarda eshitganlarini xotirasida mahkam saqlab qolardi. Qulog‘iga ilganlari endi u uchun haqiqatga aylanar, taxminlarni ertasiga boshqa davrada bor gap qilib ko‘rsatardi. Tabiiyki, uning bilimidan mukofotga mashina olgan kishi ham xabardor bo‘lib qolishi kerak. Ekspeditsiyadagilarning ko‘pi Niyozni tanimaydi. Uning bilimdon vakil ekanini shu Yigitali aka yetkazadi-da.
Niyoz so‘zni tabobatdan boshladi. Yigitali akaning xastaliklar va yangi davo usullari bilan qiziqishi tabiiy. Shuning uchun Niyoz gapirgan sari unga nisbatan bo‘lgan ilk fikrlari o‘zgara bordi. Vakilning maza-bemaza so‘zlaridan ensasi qotgan Davron esa indamay o‘tiraverdi. Niyoz ba’zan «To‘g‘rimi?», deb orqasiga qaraganda ham gapirishga hushi kelmay bosh irg‘ab qo‘ya qolardi.
— Hozir rak hech gap bo‘lmay qoldi, — dedi Niyoz yastanganicha labiga sigara qistirib. — Endi odamlar yurakdan ketyaptilar. O‘limning oltmish foizi yurakdan. Tuppa-tuzuk odam tappa tashlaydi, tamom. O‘ttiz protsent o‘lim avtomobil halokatidan. Rak bilan o‘lganlar uchinchi o‘rinda.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:25
— Menam shunaqa deb eshitaman, — dedi Yigitali aka. — Ilgarilari to‘ppa-to‘satdan o‘lish kam bo‘lardi. Endi tez-tez eshitamiz. Bizning qishloqda-ku, unchalik emas, shaharda ko‘p deyishadi. Sababi nima ekan?
— Sababi oddiy: qon bosimi... — dedi Niyoz sigarani olib aylantirar ekan. Keyin labiga qistirib tutatdi. Yigitali aka tasodifiy o‘limning sababini bilolmay qoldi. Niyoz gapni «Amerika tomonda kechagina bo‘lgan dahshatli dovul» haqidagi yangi xabarga burdi. Davron g‘ijinib qo‘ydi-yu, indamadi.
Ishemik kasallarni keltirib chiqaruvchi omillar oddiy karrajadval kabi ma’lum bo‘lib qolgan pallada «mulla yigit»ning javobdan bo‘yin tovlashi uning johilligidan yana bir dalolat edi. «Taraqqiyotning jadalligi, havoning ifloslanishi, shaharning shovqini, ishdagi asabiy tortishuvlar, jismoniy harakatning haddan ziyod kamayib ketishi oqibatlari haqidagi maqolalar matbuot sahifalaridan tushmay qolgan. Shulardan birontasini ham tuzuk-quruq o‘qimagan bo‘lsa kerak. Qumliklarni tekislash Niyozga topshirilsa bir-ikki yildayoq saranjomlaydi. Oqibatini surishtirib o‘tirmaydi. Do‘ppiga qo‘shib faqat boshni emas, oyoq-qo‘lni ham qiyma-qiyma qilib olib keladi. Agar kattalardan birontasi qumlikni kengaytir desa, butun vodiyni quling o‘rgilsin sahroga aylantirib beradi. Biz katta avlod orasidagi qobiliyatsiz olimlardan ranjiymiz. Bu sohada qanday o‘rnashib qolgan, nima uchun zukko ustozlar ularga yo‘l ochib berishgan, deb bosh qotiramiz. Mana javob: Niyoz ilm dargohiga qanday kirdi, qanday yuribdi. Uning porloq istiqboli ham tayin. Hech qachon xor bo‘lmaydi. Qarigan chog‘imizda bir yosh yigit kelib: «Niyoz Mansurov degan savodsiz odam arxeologiyada nima qilib aralashib yuribdi?», deb qolsa javob bera olamizmi?»
Qumlik ortda qolgach, Davron yo‘l ko‘rsatib ketdi. Shunda ham Niyoz uzuq-yuluq «ilmiy» axborotlarning bir talayini aytib tashladi. Mashinalari rayon markazidagi kitob do‘koni oldida to‘xtashi bilan ichkaridan past bo‘yli, to‘ladan kelgan bir yigit chiqdi-da, ularga peshvoz yurdi. Davron bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Qolganlar bilan ikki qo‘llab, quyuq so‘rashdi. Davron uni «Kamolxo‘ja, sinfdoshim, shu rayonga ichkuyov», deb tanishtirdi. Kamolxo‘ja mehmonlarning muddaosini eshitgach, «Avval eshikka o‘tmaymizmi?», deb so‘radi, so‘ng javob kutmay «Mayli, eshikka oqshomda o‘tamiz, men tezdayla qaytaman», deb mashinasiga o‘tirdi-da, qayoqqadir ketdi. Yarim soatga qolmay yetib keldi. Mashina tepasiga baliq ovlaydigan to‘r tashlab olgan. Yonida uzun bo‘yli oriq yigit. Davron uni darrov tanidi — Zokirali. Baliq ovi desa o‘zini tomdan tashlaydigan Zokiralini bu atrofda tanimaydigan odam yo‘q desa bo‘ladi. Kamolxo‘ja kimni ishga solishni biladi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:32
Zokirali Davron bilan omonlashgach, «Vaqtim ziq, bir soatga so‘rab keldim», dedi. Kamolxo‘ja «jim bo‘l», deganday qo‘l siltab uni mehmonlarga tanishtirdi:
— Muchali tuya, — deb qistirib ham qo‘ydi.
— Hayron bo‘lmaysizlar, mehmonlar, — dedi Zokirali uning haziligi javob qaytarar ekan, — kitob do‘koniga mol mudir bo‘g‘ondan boshlab muchal bitta ko‘payib qog‘an.
Hamma miriqib kuldi. Kamolxo‘ja: «Olding, tuya, olding!» deb uni yelkasiga qoqib qo‘ydi. Hamma Kamolxo‘janing mashinasiga o‘tirdi. To daryoga yetib borgunlaricha askiya tinmadi. Davronga ularning odatlari yaxshi tanish. Bu yerliklarning og‘ir hazil qilishlarini, har bir odamningn laqabi bo‘lishini Yigitali aka ham biladi. Shuning uchun u ham askiyaga qo‘shildi. Faqat Niyozgina bu ochiq og‘ir askiyaning oqibatini o‘ylardi. «Hazillari chinga aylanib kayfni buzishmasa edi», derdi. Na Kamolxo‘ja, na Zokirali Niyozning kimligi bilan qiziqdi. Davron ham uni tuzuk-quruq ta’riflamadi. Ustiga-ustak Niyozga so‘z tegmadi. U ko‘proq mana shundan ezildi. Bu quvnoqtabiat mezbonlardan nafratlandi. Ayniqsa ular askiya orasida: «Hayron bo‘lmaysizda, mehmon, hazilimiz shunaqa», deb qo‘yishganda: «Nima, men to‘nkamijozmidim, askiyaga tushunmaydigan», deb g‘ijinardi.
Mashina qumli qirg‘oqda to‘xtadi. Zokirali tushgan zahoti hech kimga qaramay to‘rni olib yoydi-da, uzilgan yerlarini ulay boshladi. To‘rni hatto baliqchilarning piriga ham bermaslik kerakligini necha bor aytib kimnidir so‘kdi. Kamolxo‘ja esa mashinaning yukxonasini ochib ikkita eski ko‘rpacha, keyin to‘rxaltadagi ichimlik va yegulik narsalarni qurib, qovjirab qolgan o‘t ustiga qo‘ydi. So‘ng ikkita piyolani to‘ldirib aroq quydi-da, birini Niyozga uzatdi.
— Oling, mehmon, tanishganimiz uchun! — U shunday deb piyolani bo‘shatdi. Gazeta ustida tartibsiz qalashib yotgan somsadan gazak qilib, Zokiraliga qaradi.
— Senam kuydirgingga ichvolasanmi? — Kamolxo‘ja undan javob kutmay piyolani to‘ldirib uzatdi.
— Ma, mehmon bilan ol. Qani, mehmon, oxirigacha, salomatlik bo‘laversin...
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:40
Niyoz qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin, zo‘rlab oxirigacha ichirishdi. «Dam olish» shu zaylda boshlandi.
To‘r tayyor bo‘lgach, Zokirali bilan Kamolxo‘ja daryoga tushdi. To‘rni suvga tashlab, ikkovi ikki tomondan tortganicha asta yura boshlashdi. Kamolxo‘janing bo‘yi past bo‘lgani uchun qirg‘oq tomonda, Zokirali esa quyiroqda bo‘ynigacha suvga botib borardi. Chuqurroq yerga kelganda sho‘ng‘ib ketar, dam o‘tmay sayozroq joyga chiqib to‘xtab qolgan sherigiga «Yurmaysanmi!» degandek qo‘l siltardi. Ovoz chiqarmasdi. Shu zaylda ular ancha uzoqlashishdi.
Shirakayf bo‘lgan Niyoz baliqchilarga birpas qarab o‘tirdi-da, keyin turib kiyimlarini yechdi. Ehtiyotlik bilan taxlab mashina o‘rindig‘iga tashlab qaytgach, ko‘rpachaga muk tushdi. Yigitali akaga yo‘ldagi ma’ruzalarining davomini o‘qiy boshladi. Endigina dili yayrayotgan Yigitali aka uning gaplaridan bezib: «Baliqchilardan xabar olay», degan bahonada turib ketdi.
— Vodiyning odamlariga tushunib bo‘lmaydi. Haddan tashqari sermulozamat. Mehmonning atrofida parvona bo‘lishadi. Lekin yurakdan izzat qilishmasa kerak, deyman. Mulozamatlari soxtadir-a?
— Sen hamma narsani o‘z bo‘yingga qarab bichasan. Soxta muomalani senga chiqargan, hatto ayrim harakatlaring ham soxta bo‘ladi. Birovga yurakdan yaxshilik qilmaysan. Shuning uchun hamisha boshqalardan gumonsiraysan.
— Sen nima uchun ularga mening kimligimni aytmading?
— Ularga bari bir. Amaling bilan ishlari yo‘q. Sen mehmonsan, tamom!
— Qani, quy, qo‘rs bo‘lsang ham seni yaxshi ko‘raman, ichingda kiring yo‘q. Seni imkoni boricha qo‘llayman. Do‘stligimiz uchun ichaylik!
Davron aroqqa ichaymi-ichmaymi, deb tikilib turdi. So‘ng bir qarorga kelib ichib yubordi. Bir ko‘zi qisilib qolayozgan Niyoz aljiy boshladi. Davron unga ikkinchi ko‘rpachani yumaloqlab yostiq qilib berdi-da, «Cho‘milib chiqaman», deb daryo tomon yurdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:47
Daryo suvi loyqa. Qirg‘oqdagi qumlarni silab erinchoqlik bilan oqadi. Ilgarilari chilla paytida ham suv mashina turgan yergacha chiqardi. Endi ancha tortilibdi. Orolgacha bemalol suzib o‘tish mumkin. Odamlar orolga kamdan-kam hollarda suzib o‘tadilar. Bolalikda jindan qo‘rqishadi, keyin ilon bor, to‘ng‘iz bor, deb cho‘chishadi. Davronning qishlog‘i bu yerdan mashinada yurilsa, ikki soatlik yo‘l. Ammo orolning shuhrati, orolda go‘yo yuz bergan g‘aroyib voqealar haqidagi mish-mishlar ularning qishlog‘igacha ham borib yetardi. Davron bolaligida uch-to‘rt marta dadasi bilan kelgan. Dadasi ulfatlari bilan baliq ovlab chaqchaqlashib ketardi. U esa qirg‘oqqa o‘tirib olib sirli orolni tomosha qilardi. Nazarida, cho‘pchaklardagi butun dahshatli mavjudotlar shu orolga in qo‘ygan edi. Yoshi ulg‘aygach, orolning husniga maftun bo‘la boshladi. Bolalik tasavvuridagi insu jinslar yerdan ko‘tarilgan hovur kabi bug‘lanib ketdi.
Orol o‘sha-o‘sha. Uzoqdan turib qarasang ko‘z to‘ymaydi. Ilon kabi buralib oquvchi daryo shu yerga kelganda ikkiga ajralgan, uch chaqirimdan so‘ng yana birlashadi. Qo‘sh kokil yanglig‘ irmoq orasidagi orol esa yashnab turadi. Na’matak, to‘rang‘i, yovvoyi jiyda, baqaterak joy talashgandek ayqash-uyqash bo‘lib ketgan. Suvga egilib turgan jiyda barglari kumush kabi tovlanadi. Atrof sokinlik hukmida. Daryoning oqishi ham, oroldagi qalin daraxtzorning epkinda tebranishi ham ulug‘vor. Davron shularga qarab qolib cho‘milishni unutdi. Xayolini motorli qayiqning ovozi buzdi. Qayiq unga qarab burilib, tumshug‘i bilan qumga sanchilib to‘xtadi. Eskirgan do‘ppisini qoshigacha bostirib kiyib olgan, shimining ikkala pochasi ham tizzasigacha himarilgan qisiq ko‘zli yigitcha sakrab tushib Davronga salom berdi-da, qo‘sh qo‘llab ko‘rishdi.
— Tartibbuzarlar kim, desam o‘zimiznikilar ekan-da, — dedi u kulib. — Zokirali akaga o‘xshaydi. Meni tanimadingiz-a, Kamolxo‘ja akaning jiyanlari bo‘laman. O‘tgan yili ko‘rishgan edik. Menam do‘konda ishlardim.
Davron uni tanigan, ammo ismini eslolmay turgan edi.
— Endi shu yerlarni qo‘riqlash menga topshirilgan, — dedi yigitcha, — yuring, orolni aylantiray.
U qayiqni orqaga itarib, chaqqonlik bilan chiqib oldi-da, motorni yurgizdi. Davron ham chiqdi.
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:57:56
— Yovvoyi sigirlarni ko‘rasizmi? — dedi yigitcha. Daron tushunmadi.
— Uch-to‘rtta sigir paydo bo‘lgan. Daryoda suv kamligida o‘tishgan. Keyin qaytib o‘tisha olmay yovvoyilashib qolishgan. Odamni ko‘rdi deguncha qochadi.
Qayiq uchli tumshug‘i bilan sokin oqayotgan suvni ikkiga ayirib ilgariladi. Tinchi buzilgan daryo uning ortidan anchagacha chayqalib turdi. Qayiq orolga yaqinlashganda Davronda g‘alati bir his uyg‘ondi: orolga tushgisi, mana shu yovvoyi chakalakda qolgisi, yolg‘iz yashagisi, dunyo tashvishlaridan, shovqinlaridan yashiringisi keldi. Nima uchundir odamlar, hatto baliq tutib yurgan do‘stlari, rais bilan kurashish o‘rniga achchiq qilib arazlab yurgan Yigitali aka, daryodagi baliqlar qo‘riqchisi bo‘lgan shu qisiq ko‘zli yigit ham ko‘ziga xunuk ko‘rinib ketdi. Yodiga tushgan barcha tanishlaridan nafratlandi. Buning uchun asos ham topdi. Davron mana shu odamlardan xayolan qochib oroldan panoh izladi. Ammo xayolini yashin kabi yoritgan bu fikr xuddi shu yashin kabi bir onda so‘ndi. Avvalo, u sira bunday qilolmasligini biladi. Istak bilan iroda o‘rtasidagi tafovutdan ko‘p qatori Davron ham bahramand. Qolaversa, tarki dunyo bilan muddaoga erishib bo‘lmaydi-ku! Aytaylik, biror kimsa yolg‘iz yashamoqqa jur’at qildi. Shu harakati bilan nimaga erishadi? Faqat ojizligini namoyish etmaydimi?! Bundan ko‘ra yomonni ochiq-oydin yomon deyishga, u bilan kurashishga intilgan afzal!
Davron oniy istagini shunday fikrlar bilan qoralab, xayolga botib o‘tirardi. Qayiq tezligini kamaytirib qalqib ketdi.
— Ana, qarang, yaqin borsak, qochadi, — dedi yigit uning o‘yga borib o‘tirganini sezmay.
Davron yalt etib u ko‘rsatgan tomonga yuzlandi. Sohilda uch sigir ularga sergaklanib qarab turardi. Qayiq yaqinlashgach, uchovi bir lahzada orqasiga burildi-da, ikki yonga qappayib chiqib turgan qorinlarini selkillatib yugurib ketdi.
Daraxtlar ularni odamlar panohidan yashirdi.
— Ko‘rdingizmi, yovvoyilashib qolgan, — dedi yigit qayiqni burib, tezlikni oshirar ekan.
— Endi ularni nima qilishadi?
— Nima qilishardi, suv sayozlashgach, qishloqqa borib sigirlar kimniki bo‘lsa, olib chiqsin, bo‘lmasa otib tashlaymiz, deb e’lon qilishadi.
— Kim?
— Ovchilar jamiyati-da. Bu yerlarni qo‘riqxonaga aylantirishar emish. Shuning uchun uy hayvonlarini boqish mumkin emas ekan. Egalari olib ketmasa otishadi, turgan gap. Bu yerda qadim jayrondan tortib yo‘lbarsgacha bo‘lgan ekan, endi shularni olib kelib ko‘paytiramiz, deyishyapti.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:58:04
Qayiq suvni to‘lqinlatib qirg‘oq bo‘ylab boradi. Davron ko‘zini oroldan uzmaydi. Nazarida har bir buta ortidan sigirlar javdirab qarayotganday, «Odamdan hurkib qochib ketishdi... Odamni eng ongli, eng oliy mavjudot deymiz. Lekin ayrim harakatlarida ongning zarrasi ham sezilmaydi. Hayvonlarni ayovsiz qirib yubordi. Ilgari ochdan o‘lmaslik uchun ov qilgan. Keyin shunchaki havasga o‘ldira boshladi... O‘z nafsini qondirish uchun erkdan ayirib qafasda saqlaydigan bo‘ldi. Qazilma paytida necha xil noma’lum hayvonning, necha xil o‘simlikning iziga duch keldik. Mutlaqo qirilib ketgan hayvonlarning sanog‘i yo‘q. Yaxshi hamki, borlarini saqlash harakatiga tushildi. Yo‘qsa, yer yuzidagi hayvonot dunyosi yaqin yillarda muzeylardagi tuluplardan iborat bo‘lib qolardi... Butalar ortiga yovvoyilashgan sigirlar yashiringan. Biz yovvoyilashgan deymiz. Yo‘q, ular asliga qaytgan. Axir, qadimda yovvoyi holda yashagan-ku. Poda-poda bo‘lib, ahillik bilan o‘zlarini dushmanlaridan himoya qilganlar. Keyin esa odamlar ularni tartib bilan o‘ldirish uchun o‘z panohlariga olganlar. Endi bu hayvonlarning o‘zlarini himoya qilishlariga hojat qolmagan. Chunki nogahoniy o‘lim yo‘q. Yemish izlab sarson kezmaydilar ham. Hamma narsa muhayyo! Ana shularning bir nechasi asliga qaytibdi. Odamdan qochyapti... Ozodlikka, erkka o‘rganib, tartib bilan o‘lishdan nogahoniy fojiani afzal deb bilib, har narsani muhayyo qilguchi odamdan butkul nafratlanib, butalar orasidan panoh topib yuribdilarmi? Og‘ilxonalariga qaytgilari yo‘qmi?
Ajab, taraqqiyotning yuksak pog‘onalariga intilayotgan odamlar ham ozginagina muddatga asllariga qaytsalar nima bo‘larkin? Yo‘l qo‘ygan, yo‘l qo‘yayotgan xatolarga darhol barham berishga o‘zlarida kuch, iroda topa olarmidilar? Yolg‘onchilik, adovat, ichqoralik, amalparastlik, xudbinlik, johillik, qiypichoq bo‘lish... Eh-he, biz nazarga ilmagan xastaliklar ozmi? Shular chakalak orasidan oydinroq ko‘rinar, balki davosi ham ravshan bo‘lar... Balki... lekin odam hech qachon asliga qaytmaydi...»
— Eh-he-he-e! — Qayiqning orqa tomonida o‘tirgan yigit o‘rnidan turib qo‘l siltadi. Davronning xayoli bo‘lindi. Yigitga javob o‘rnida baqirib qo‘l siltayotgan baliqchi hamrohlariga qaradi. Orolni aylanib dam olish o‘rniga dili siyoh bo‘ldi. «Bema’ni injiqliklarim avjiga chiqyapti, nima keragi bor shunaqa xayollarni», deb o‘zini koyidi-da, o‘rnidan turib u ham qo‘l silkitdi. Tabiiyki, chakalakzorni panalab tikilib turgan sigirlarni sezmadi.
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:58:12
Baliq qovurilgach, Niyozni uyg‘otishdi. Ham araqning ta’siri, ham oftobda yotib qolganidan anchagacha o‘ziga kelolmadi. Turib, yuzini yuvib qaytguncha hech kim baliqqa qo‘l urmadi. «Ishtaha uchun» yana «oz-oz» otilgach, Niyoz asl holiga qaytdi. U qo‘liga bir parcha baliq olganicha tinmay javrar, boshqalar dasturxonga qarashni ham, qaramaslikni ham bilmay o‘tirishardi. Bu yerliklarda mehmonni gapirtirib qo‘yib ovqat yeyish odati yo‘qligini Davron yaxshi bilardi. Shu sababdan tez-tez Niyozning gapini bo‘lib turdi.
Baliq sayli shu zaylda Davron uchun ko‘ngilxunlik bilan o‘tdi. Ayniqsa Niyozning bir qilig‘i o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Orqaga qaytayotganlarida Kamolxo‘ja yaqinroq yo‘ldan ketamiz, deb eni besh qadamlar keladigan sayoz anhorga duch keldi.
— Obbo, la’nati, oqavaga ro‘para bo‘libmiz. Kechagina quruq edi, — dedi u. — Sizlar tushib turinglar-chi, bir harakat qilib ko‘ray. Balki o‘tib ketarman.
Mashina o‘tolmadi. Oldingi g‘ildiraklari narigi qirg‘oqqa tegishi bilan to‘xtadi. Birinchi Zokirali, keyin Davron, ularning ketidan Yigitali aka ham poyabzalini yechib, shimlarining pochasini himarib suvga tushdilar. Ha, ha bilan mashinani chiqarib oldilar. Keyin to‘rtovlari ham ajablanib mehmonga qaradilar.
— Ha, o‘tmaysanmi? — dedi Davron unga.
— Shamollab qolamanmi, deb...
U so‘zini tugatmay Zokirali yana qayta suvga tushdi.
— Qani, opiching, mehmon, — dedi u yelkasini tutib.
— E, Zokirali aka, qo‘yavering, o‘zi o‘tadi, — dedi Davron Niyozning qilig‘idan ranjib. Niyoz esa birpas ikkilanib turgach, opichdi. Zokirali uni olib o‘tdi. Oriq Zokiralining chillakday oyog‘iga, og‘ir yukdan egilib, qiltillab yurishiga, uning ustida chalpakday bo‘lib turgan Niyozga qarab Davronning ham kulgisi keldi, ham nafratdan bo‘g‘ildi. Kamolxo‘ja esa odati bo‘yicha Zokiralini askiya qilib kuldi. Yigitali aka askiyaga qo‘shilmadi. Achchiqlanganini yashirmasdan, indamay borib mashinaga o‘tirdi.
Kamolxo‘ja mashinasini to‘g‘ri uyga haydadi. Baland ishkom ostidagi yog‘och so‘rida joy tuzoqlik edi. Kamolxo‘janing ayoli oshxona ostonasida turganicha iymanibgina so‘rashdi-da, o‘zini ichkari oldi. Zokirali kichkina to‘r xaltadagi baliqlarni oshxonaga eltib berdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:58:21
Qorong‘i tushgach, Davron Niyozning jilish niyati yo‘qligini sezib:
— Rejang qanday? — deb so‘radi.
— Menga bari bir, — dedi Niyoz yelkasini qisib.— Komandirovkadagi odamman...
— Biz hozir izimizga qaytamiz. Borasanmi yo?..
— Qo‘y, o‘sha qazilmalaringni, bordim, ko‘rdim, yetadi. Menga ishonaver, seni qo‘llayman. Ishing yurishib ketadi. Men shu yerdan uyga qayta qolaman.
— Qaytishga picha shoshmay turing, odamzodga dam ham kerak, — dedi Kamolxo‘ja ularning suhbatiga qo‘shilib. Buni eshitib Niyozning chehrasi yorishib ketdi:
— Ammo o‘g‘ilbola gap aytdingiz. Oshnangizga ham o‘rgating shunaqa gaplarni.
Kamolxo‘ja qancha avramasin, Davron oyoq tirab turib oldi. Oshdan so‘ng ikki piyoladan choy ichdilar-u, Niyozni Kamolxo‘janing ixtiyoriga topshirib yo‘lga chiqdilar.
— Vakil qarg‘amijoz odam ekan, — dedi Yigitali aka mashina o‘rnidan jilgach.
— Nimaga?
— Qarg‘a uchib kelsa hech kim xursand bo‘lmaydi, uchib ketsa xafa bo‘ladigan odam topilmaydi. Elning qarg‘ishiga uchragan odamni ana shunaqa — qarg‘amijoz deydilar.
Davron birovning orqasidan yomonlashni xush ko‘rmasdi. Shuning uchun Yigitali akaning gapi tasdiqsiz qoldi. U yuzini shamolga tutganicha jim borardi.
— Gaplariga qaraganda, ishlarni to‘xtatishlari ham mumkin ekan, shu rostmi?
— Rost, shuning uchun kelgan.
— Qo‘llayman, deydi, balki to‘xtatishmas.
— E, Yigitali aka, dunyoda hech narsa ko‘rmagan odamga o‘xshaysiz-a. Ishni to‘tatish masalasi unga mutlaqo bog‘liq emas. U shunchaki bir qo‘g‘irchoq. Ariq boshida boshqa zo‘rroq odam o‘tiribdi.
— Ajab odamlar bor-da, tegganga tegadi, tegmaganga kesak otadi. Bekmirzaev ham shu yerni deb talashib yurardi. Siz aytgan zo‘rroq odamga nima qutquligi tushibdi bu ishning.
— Ularning shaxsiy adovatlari bo‘lgan
— Olim odamlar shunaqa bema’ni bo‘ladi, deyishsa, qishloqdagilar sira ishonmaydi. Ular olimlarni haddan ziyod aqlli, pokiza, deb yuradilar-da. Adovat maktab ko‘rmagan, bekorchi, johillarning yumushi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:58:30
Davron kulib qo‘ydi. Yigitali akaning gapi to‘g‘ri. Uning o‘zi ham maktabda o‘qib yurgan kezlari shu fikrda edi. Institutning dastlabki kurslarida ilmiy unvoni bor o‘qituvchilar ko‘ziga farishtadek ko‘rinardi. Vaqt o‘tib, domlalar haqidagi mayda-chuyda gaplar qulog‘iga kira boshlaganda avvaliga ishonmadi. Keyinchalik olimlarning boshqa odamlardan farqi yo‘qligiga, faqat yaxshilik, ezgulik emas, yomonlik, ablahlik ham qila olishlariga amin bo‘ldi. Bolalik sururi so‘na bordi. Ayniqsa ilmiy unvoni bor ikki muallimning uch-to‘rt talaba orasida «Sendan men kuchliman», «Bekor aytibsan, ilming past», qabilidagi tortishuviga guvoh bo‘lgach, ulardan butkul hafsalasi pir bo‘ldi.
Ammo u olimlar orasida havas qilsa arzirli odamlar ham borligini bilardi. Davron dotsent Bekmirzaev haqida hamisha iliq gaplar eshitardi. So‘nggi kursda o‘qiyotganida talabalar bag‘oyat hurmat qiluvchi bu domlaning nazariga tushib, quvonchdan terisiga sig‘may yurdi. Bekmirzaev kamtar, shu o‘rinda nihoyat darajada injiq, serjahl edi. Davronni ham ba’zan g‘adablab qolardi. Biroq shogirdining xijolat bo‘lib indamay turganini ko‘rib darrov hovuridan tushar, «Ke, qo‘y, xafa bo‘lma, ammo ko‘zingga qarab ishla», deb nasihat qilardi.
Davron Yigitali akaga «Adovatlarining sirini bilmayman», deb noto‘g‘ri aytdi. Adovat sabablarini Bekmirzaevning o‘zidan eshitgan, ammo uni birovga aytishga shu topgacha hojat sezmagan edi. Bekmirzaevning noto‘g‘ri yo‘l tutgan institut rahbarlariga qarshi olib borgan kurashi, hal qiluvchi pallada yolg‘iz qolgani, maxsus komissiyaning taftishi, Bekmizraevning haq bo‘lib chiqishi, kurashdan o‘zini olib qochganlarning endi amalga intilishi hatto talabalarga ham ma’lum edi. Ko‘pchilik ular o‘rtasidagi adovatga shu, ya’ni, Bekmirzaevning amalga o‘tirolmagani sabab, derdi. Bu farazning puch ekanini Davron yaxshi bilardi. Bekmirzaev hech qachon amalga intilmagan. Institut rahbarlarini fosh qilishi ham amal uchun emas, adolat uchun edi. Rahbarlar haqida so‘z ketguday bo‘lsa, ba’zan Davron: «Aslida shu o‘ringa siz o‘tirishingiz kerak», deb qo‘yardi. Shunda Bekmirzaev bosh chayqab: «Yo‘q, mendan rahbar chiqmaydi. Bunga yarasha qobiliyatim yo‘q. Rahbar qo‘l ostidagilarni «otang yaxshi, onang yaxshi», deb ishlata bilishi kerak. Men o‘zimni tuta olmay bir-ikki baqirib, po‘pisa qilsam, eng mehnatkash odamni ham ishdan sovutib qo‘yaman. Keyin amalga sira ishonib bo‘lmaydi. Qadimda ham «Toji-taxt bevafo» deb o‘tishgan. Bo‘zchi bilganini to‘qishi kerak. Men ilm deb yuribman. Shuni eplasam ham katta gap», derdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:58:42
Adovatning asl sababini Davron keyinroq bildi: Bekmirzaevning uyiga qadrdon do‘stlaridan biri singlisi bilan kelib «Singlim o‘qishga kirdi, vaqt-bemahal xabar olib tur», deb tayinlab ketadi. Bekmirzaev qizdan tez-tez xabar olib turadi. Bir kun oqshom chog‘i borsa, qizning uyida o‘sha nusxa o‘tiribdi. Institutda ishlaydigan yana bir nusxa bor. Bekmirzaev bu juvon haqida ko‘p yomon gaplarni eshitgan, shuning uchun salom-alik ham qilmasdi. Bekmirzaev so‘ramasdanoq voqeani anglab, oshiq rahbarning bo‘ynidan bo‘g‘ib ko‘chaga sudrab chiqadi. Ertasigayoq do‘stini chaqirtirib qizni ham uyiga jo‘natadi. Siri fosh bo‘lgan rahbar Bekmirzaevdan o‘ch olish niyatida uni imkon tug‘ilsa-tug‘ilmasa chalishga harakat qilaveradi. To‘g‘rirog‘i, siri fosh bo‘lgani uchun emas, «Endi Bekmirzaevning qo‘lida qurol bor, amalni olish uchun jang qiladi», degan xavotirga tushgani uchun uning ko‘zini ochirmaslikka intiladi.
Serharakat va serjahl ustozini eslab Davronning ko‘ngli buzildi. Mashina chirog‘i tun bag‘ri poralab qumliklar orasidan o‘tdi. Yigitali aka hamrohining ruhi cho‘kkanini sezib ko‘p gapga solmadi. «Biznikida dam olib qaytasiz, ertalab o‘g‘lim keltirib qo‘yadi», deb mashinani qishloq tomonga burdi.
Mashina chirog‘i qorong‘ilik bag‘rini poralab borardi. Daraxt ko‘lankalari sapchib-sapchib, xuddi sakrayotgan odamga o‘xshab ketardi. Birdaniga ro‘parada bo‘yi ikki yarim-uch metrli, fazogirlar kiyimidagi yassibosh odam ko‘rindi. Davron Yigitali aka ham ko‘ryaptimikin, deb unga qaradi. Yigitali aka yo‘lga tikilganicha xotirjam o‘tirardi. Demak, faqat Davronga ko‘rinayotgan ekan-da! Kecha tunda ular ikki kishi edi. Bugun bir o‘zi. Davron boshini suyanchiqqa qo‘yib ko‘zini yumdi. Yana qulog‘i shang‘illadi. Hushtak chalindi. Keyin eshikning g‘ijirlashini eslatuvchi ovoz...
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:58:54
BURGAGA ACHCHIQ QILIB...

Mashina to‘xtaganda Davron qalqib ketdi. Ko‘zlarini ochdi. Yo‘lda uxladimi yo tush ko‘rdimi? Qandaydir g‘aroyibotlar bayon etilgan kitob o‘qiganga o‘xshaydi. Uzun bo‘y, yassi bosh odamlar xayoliga muhrlanib qolganday. Nima bo‘lyapti o‘zi? Kecha ham shunday voqealarga duch kelgandi. Bugun ham. Tush desa tushga o‘xshamaydi. Xayol desa xayolmas. Ajab?!
Yigitali aka chiroqni yoqib-o‘chirib eshik tomonga imladi.
— Malikai dilozorimiz kech kirganda ko‘chaga chiqib mening yo‘limni poylayotganmikinlar? — dedi kulimsirab.
Davron javob bermadi.
Mashinadan tushishlari bilan ayol eriga yaqinlashdi:
— Yurish desayla, uchib ketasiz-a, shu topgacha tikilaverib ko‘zim oqib tushay dedi.
— Shu yerga nuqta qo‘yib tur. Mehmon bor-a!
— Mehmon ham bilib qo‘ysinlar-da. Lip etib chiqib ketibsiz, ana kelar-mana kelar, deb nima xayollarga bormadik. Raykomdan so‘rayverib bezor qilishdi.
— Raykomdan?
— Ha, raykom buvaning o‘zi qidirtiribdi.
— Nima gapi bor ekan?
— Men qaydan bilay? Sizga ming aytdim, shu rais bilan o‘chakishmang, ildizi qattiq, deb. Biron qiyiq axtarib topgandir-da. Qay mahalda kelsa ham raykomga uchrashsin, deb ketishdi.
— Obbo! — dedi Yigitali aka do‘ppisini olib boshini qashigan bo‘lib. — Borib kelmasam bo‘lmaydi. Qani, siz ichkariga kiring. O‘g‘ling uydami?
— Ha, televizorga qadalib futbol ko‘ryapti.
— Chaqir darrov. Mehmonni zeriktirmasin. Men darrov qaytaman.
Yigitali aka Davronni ichkariga uzatgach, mashinaga o‘tirdi. U tezda qaytmadi. Davronni uyqu bosdi. Ayvondagi ko‘rpacha to‘shalgan joyga cho‘zildi-yu, taomning pishishini ham kutmay uxlab qoldi. Tongda qushlarning chug‘uridan, ishkomdagi tartarakning ovozidan uyg‘ondi.
Kelinchak hovli supurib yuribdi. Yigitali akaning ayoli samovarga o‘t qalash bilan band. O‘g‘li og‘ilxonada. O‘zi baland stol ustiga chiqib xomtok qilyapti. Davronning turganini ko‘rib, tokqaychini qo‘ydi-da, pastga tushdi.
— Sizga ham uyqu bermadikmi? — dedi kulib, keyin qoziqdan sochiq olib Davronga uzatdi.
— Tinchlik ekanmi, juda hayalladingiz?
— Ha, tinchlik. Amaldor bo‘ladiganga o‘xshayman.
— Chindanmi? Brigadirligingizga qaytdingizmi?
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:59:16
— Sal yuqoriroqdan kelavering, ha, Markazga xat yozishga hojat qolmadi. Haqiqat yuzaga chiqib, raykomning o‘zidayoq hal bo‘libdi. Bugun kolxozda umum majlisi. Raisni tushirishmoqchi. Menga rais bo‘lasan, deb turishibdi. Shuning maslahatiga yo‘qlatishgan ekan.
— Rozi bo‘ldingizmi?
— Mening roziligim hech gap emas, xalq rozi bo‘lsin. Xalq mengamas, men xalqqa suyanib ishlayman.
Nonushtadan so‘ng Davronni mashinada eltib qo‘yishdi.
Kechagi noxush sayrning oqibati sabablimi, nima uchundir qo‘li ishga bormadi. Uch ishchi ko‘hna uy poydevorining o‘rni topilgan yerni kavlashyapti. Atrof sokin. Tabiat ham mudrayotganday. Tepaliklar go‘yo o‘z bag‘riga qandaydir sirni yashirib, mag‘rur yastanib yotibdilar. Ular go‘yo ajdodlarimiz panjalarining iziga o‘xshaydi. Tabiat ko‘hna tarix sirlarini shunday muhrlab qo‘ygan. Davronning, unga o‘xshagan arxeologlarning vazifasi tabiat muhrini buzish, sirni ochish. Ayrim odamlar ularni eski buyumlarni izlab topib, eski shaharlarni ochib muzey qilishadi, deydilar. Bir jihatdan to‘g‘ri. Lekin Davron o‘z kasbining mohiyatini boshqacharoq belgilaydi. Tarix sirlarini ochish— kelgusida qo‘yiladigan xatolar oldini olishga xizmat qilishi kerak, deydi. Urushlar, qirg‘inlar natijasida xarob bo‘lgan, tuproqqa ko‘milgan har bir shaharning ochilishi urushga qarshi kurashda qurol bo‘lmog‘i kerak. Hozir bironta avlodi qolmagan jonivor yoki qush izining topilishi ko‘ngilochar ovga berilgan odamzodni ogohlantirishi zarur.
Davron shu o‘ylar bilan turganda uni chaqirishdi. U tuproqni to‘zitib pastga tushdi.
— Katta xum chiqdi, — dedi ishchilardan biri unga o‘yib qo‘yilgan yerni ko‘rsatib.
Davron tiz cho‘kkanicha tik emas, balki yonboshlatib qo‘yilgan xumni ko‘zdan kechirdi. Keyin qo‘liga kurakcha bilan sim cho‘tka olib ishga kirishdi. Lanjlikdan asar ham qolmadi. Uch ishchi kuraklarini bir-biriga suyab tuproq uyumiga o‘tirdilarda, past ovoz bilan gurung boshladilar. Xumning atrofi tozalangach, asta ko‘tarib chetga oldilar.
— Ichida bir narsa bormi? — dedi ishchilardan biri qiziqib.
Xumning og‘zi ham qalin qilib suvab tashlangan edi. Davron uni bolg‘acha bilan asta-asta urib ochdi.
— Odam suyaklari, — dedi Davron xumning og‘zini ochgach. Keyin qo‘lini tiqib kalla suyagini oldi. — Bola ekan. Yana bor shekilli? Ha... Bunisi katta odamniki. Ikkovini xumga tiqib ko‘mishgan ekan.
— Qachon? — dedi ishchilardan biri uning qo‘lidan kalla suyagini olib.
— Sen tug‘ilmasdan burun, — dedi ishchilarning ikkinchisi.
— Qara-chi, sening urug‘laringdan emasmi? — dedi uchinchisi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 04:59:25
Shu zaylda askiya boshlandi. Davron suyaklarni joyiga qo‘yib o‘rnidan turdi.
— Anavi jonon kimni yo‘qlab kelyapti ekan, — dedi ishchilardan biri qo‘lini soyabon qilib.
Atlas ko‘ylak kiygan, bir qo‘lida shamsiya, bir qo‘lida sumka ushlagan, qora ko‘zoynak taqqan ayol Davronning ko‘ziga issiq ko‘rindi.
— Yana vakilmikin?
— Bunaqa vakil har kuni kelsa ham mayli, — dedi ishchilardan biri.
Davron yuqoriga chiqa boshladi. Yarim yo‘ldayoq ayolni tanidi — Mahbuba! Tanidi-yu, lol qoldi. Yuragi tez-tez ura boshladi. Oyoqlari esa zilday og‘ir. Ellik qadam emas, ellik chaqirim yo‘l bosib o‘tganday bo‘ldi. Mahbuba ko‘zoynagini olib, jilmayganicha unga qo‘l uzatdi.
— Salom, kutmaganmidingiz?
— To‘g‘risini aytaymi?
— To‘g‘risini aytganingiz ma’qul. Kutgan edim, desangiz bari bir ishonmayman.
— Ochig‘i, tushimga ham kirmagan edi.
— Shu yerda turaveramizmi yo saroyingizga boshlaysizmi?
— Ha, hozir. Siz hov anavi daraxt tomonga bora turing, men yetib olaman.
Davron shunday deb pastga tushdi-da, yigitlarga qilinadigan ishlarni tayinlab iziga qaytdi.
— Komandirovkaga kelgan edim. Ishlarim bitdi. Oqshomgi poezd bilan qaytaman. bir ko‘rib ketay, dedim.
— Rahmat.
— Nimaga?
— Esdan chiqarmaganingiz uchun.
— Siz unutiladigan odamlar toifasidan emassiz. Ammo men fikrimdan qaytganimcha yo‘q. O‘sha gaplar o‘z kuchida qoladi.
— Bunga shak-shubham yo‘q.
— Nima uchun?
— Fe’lingizni bilaman. Bir so‘zli ayolsiz.
Oraga jimlik cho‘kdi. Davron Mahbuba oldida o‘zini noqulay sezdi. Nimadir deyishi, jimlikni quvishi, shuncha yo‘l bosib kelgan ayolni zeriktirib qo‘ymasligi lozimligini bilardi. Lekin nima deyishga hayron edi. Mahbuba unga qarab turib kuldi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:00:26
— O‘tiring, nima, gapingizni yo‘qotib qo‘ydingizmi?
— Yo‘-o‘q, nimaga endi... O‘g‘lingiz katta bo‘lyaptimi?
— Ha, sho‘xlik qilib yuribdi. Qilichbozlikdan bo‘shamaydi.
— D’Artanyan bo‘lmoqchimi?
— D’Artanyan kelmaydi, deganimdan beri o‘zi Atos bo‘lib uni izlab topmoqchi.
— Bunday qilish yaramaydi.
— Sabab?
— Siz bolaning sururini jilovlab qo‘ygansiz.
— Shunday bo‘lgani ma’qul.
— Meningcha, bu haddan tashqari qattiqqo‘llik.
— Balki zolimlik ham dersiz?
— Shunday desa ham bo‘ladi. Bola kinodagi d’Artanyanni yaxshi ko‘rib qolgan. U bilan uchrashishni orzu qiladi. Qahramonlikka intiladi. Siz esa uning yo‘lini to‘sasiz.
— Majburman. Uning aldanib qolishini istamayman. Kino boshqa, hayot boshqa. Intilgani, orzu qilgani bilan topolmaydi-ku, to‘g‘rimi? D’Artanyan bu zamonda yo‘q. Bo‘lishi ham mumkin emas. Undan ko‘ra real narsalarni orzu qilishni o‘rgatishimiz kerak.
— Ammo...
— Biz bu haqda yetarli gaplashib olgan edik, qaytarishning hojati bo‘lmasa kerak. Yaxshisi, ishingizdagi yangiliklardan gaplashaylik. Shuncha yerni kavlab nima topdingiz?
Ish haqidagi gaplar bari bir suhbatni jonlantirmadi. Mahbuba peshindan so‘ng xayrlashdi. Davron uni katta yo‘lgacha kuzatib qo‘ydi. Mahbuba uning yarasini yangilab ketdi.
Davron yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun yosh uylangan edi. Institutda o‘qiyotgan kezlari qishloqqa tez-tez kelib turar, ba’zan xotinini shaharga olib qaytar edi. U xotinining chiroyidan nolimasdi. Ammo uning yengil o‘ylashi, jizzakiligi sira yoqmasdi. Qishloqda qolgan kezlari onasi bilan aytishishlarini bilsa ham avvaliga indamay yurdi. Oxir sabr kosasi to‘lib tartibga chaqirganda «onangiz chaqqan-da», leb o‘zini yuldi. Davron xotinining bu qadar befahmligiga chidab turolmadi. Anchagacha qo‘ydi-chiqdi bo‘lib yurdilar. Davlat imtihonlari arafasida onasi qattiq og‘rib qoldi. Davron uni shahardagi kasalxonaga olib keldi. Tunlari o‘zi navbatchilik qildi. Imtihondan bir kun avval xotiniga: «Buguncha siz navbatchilik qiling», deganda u odaticha po‘ng‘illab: «Men onangizning axlatini tozalayman deb sizga tegmaganman», dedi. Davronning ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Xotini odam emas, alvasti bo‘lib ko‘rindi. Ikki kundan so‘ng onasi olamdan o‘tdi. Davron xotini bilan uzil-kesil ajrashdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:00:36
O‘tgan qishda qadimiy manbalardan foydalanishga ehtiyoj sezib qo‘lyozmalar ilmiy-tekshirish institutiga keldi. Shu yerda ishlovchi qorachadan kelgan bo‘liq juvon e’tiborini tortdi. Burnining bir oz puchuq ekanini aytmasa, ko‘zlari kulib turuvchi bu juvonning istarasi issiq edi. Ayollarga gap tashlab, ilitib olish iste’dodidan bebahra bo‘lgan Davron uni zimdan kuzatar, aytilishi kerak bo‘lgan gaplari ichida qolib ketardi. Xonadagi ayollarning gap-so‘zidan bu juvonning bevaligini bilib bir kuni sayrga taklif qildi. Ayol noz qilib o‘tirmay rozi bo‘ldi. Davronning qalbiga o‘t qalagan bu juvon — Mahbuba edi. Shundan so‘ng bir-ikki marta kinoga kirishdi, oqshomlari sayr qilishdi. Darhaqiqat, Mahbuba aqlli ayol edi. Davron, Mahbuba so‘ramasa ham xotini bilan ajralish sababini aytib berdi. Mahbuba uning hikoyasini jimgina eshitdi. Davronga «Siz haq yoki nohaq bo‘lgansiz», ham demadi.
— Nimaga indamay qoldingiz? — dedi shunda Davron.
— Biron narsa deyishim kerakmi?
— Har holda...
— Yo‘q, men biror xulosa chiqarolmayman. Siz o‘zingizcha haqsiz, xotiningiz o‘zicha. Xotiningizni yoqlasam, sizga malol keladi, sizni yoqlasam... Har holda xotin kishining ahvolini tushunishga harakat qilish kerak.
— Axir...
— Keling, bu haqda tortishmaylik. Men maqsadingizni tushundim. Siz endi mendan ajralishim boisini so‘ramoqchisiz. Erimni yomonlamayman, chunki uni yaxshi ko‘rib tekkanman. Qo‘pollik qilmagan, sira so‘kmagan, mast-alast yurmasdi, aqlli edi. Lekin turmush uchun shuning o‘zi kifoya emas ekan. U eng muhim narsani — mustaqil hayot kechirishni bilmas edi. Hatto bolalik bo‘lgandan keyin ham ota-onasining og‘ziga qarardi. Ota-onasi nima desa shu. Yot desa yotadi, tur desa turadi. Manavi ishni qil, desa bajaradi, qilma desa, tegmaydi. Men «teatrga boraylik», desam, otasidan maslahat so‘raydi. Qaynatam bormanglar desa, indamay bo‘yin egib kelaveradi. Qaynatam bilan qaynanam ham yomon odamlar emas edi. Ammo ularning dunyo-qarashi boshqa, bizniki boshqa. Ular boshqa davrda shakllanishdi, biz boshqa davrda. Ular teatrsiz ham yashash mumkin, deyishadi. Ammo biz bunday qilolmaymiz-ku! Buni ularga yotig‘i bilan aytsangiz tushunishadi-ku. Yo‘q, erim buni aytolmas edi. Gapimni to‘g‘ri tushuning, men uni ota-onasidan bo‘yin tovlasin, demoqchi emasman. Erkak erkak bo‘lishi, mustaqil fikrlashi, hayot kechirishi kerak. Ayrim erkaklar g‘ururlarini yerga urib yurishadi. Meniki ham... Shuning uchun ajrashdik.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:00:44
— Erkak kishining bunchalik bo‘lishi yaramaydi.
— Iltimos, erimning yaxshi-yomonligini muhokama qilmang.
Shu suhbatdan so‘ng Davronning unga nisbatan bo‘lgan mehri yanada ortdi. Oqshomgi sayrlardan birida unga muddaosini aytdi.
— Shunday maqsadingiz borligini birinchi uchrashuvdayoq sezganman, — dedi Mahbuba. — Siz bilan birga yurib uyga kech qaytganimda o‘g‘lim kutib olardi. «Qaerda edingiz?», deb so‘rardi. «Uch mushketyor»ni ko‘rgandan beri d’Artanyan tilidan tushmay qolgan. Shuning uchun meni «d’Artanyanni ko‘rgani bordim», derdim. O‘g‘lim darrov meni so‘roqqa tutardi. «D’Artanyan biznikiga ham kelmadimi?», deb hol-jonimga qo‘ymasdi.
— Siz nima deb javob qilardingiz?
— Keladi, derdim... Lekin kecha... kelmaydi, dedim.
— Nima uchun?
— Buni sizga tushuntirishim qiyin. Nazarimda, hozirgi erkaklar ancha maydalashib ketganga o‘xshashadi. G‘iybat xotinlarga yarashadigan narsa. Lekin erkaklar ham g‘iybatdan bo‘shamay qolishgan. Mard, jasur, bir oz qo‘pol, epchil erkaklar oz juda. Buning o‘rniga xudbinlar, meshchanlar ko‘payib ketayotganga o‘xshaydi.
— Unchalik emas... Erkaklar mardligi, jasurligini sizga qanday namoyish qilishi kerak?
— Namoyish qilish shart emas. Odamning fe’li, xatti-harakatidan, so‘zlaridan bilinib turadi. Masalan, bir odam suvga cho‘kyapti, siz o‘ylab o‘tirmay qutqarishga tashlanasizmi?
— Shaxsan menmi yo umuman aytyapsizmi?
— Shaxsan o‘zingiz.
— Men suzishni yaxshi bilmayman.
— Axir bir odam o‘lyapti-ku!
— Men o‘zimni suvga tashlaganim bilan uni bari bir olib chiqolmayman. O‘zim ham...
— Ana, ko‘rdingizmi, siz ham yigirmanchi asr vakilisiz. Erkaklar, xotinlarning qosh-ko‘zini maqtab, ashula aytib oh-voh qilib yuraverishadi...
— Siz juda oshirib yubordingiz. Fikringizga mutlaqo qo‘shilmayman. Masalaga to‘g‘ri yondashish kerak.
— Ana ko‘rdingizmi, «masalaga yondashishimiz» butunlay boshqa-boshqa. Siz esa «d’Artanyan kelmaydi», deganimdan norozisiz.
Javob ravshan edi. Davron u bilan boshqa uchrashmay qo‘ydi. Lekin unuta olmadi. Mahbubani chindan yaxshi ko‘rib qolgan edi. Uning kulib turuvchi ko‘zlari, qorachadan kelgan chehrasi nigohi oldidan ketmasdi. Lekin bosh egib borishga g‘ururi yo‘l bermadi.
Bugun Mahbubaning o‘zi shunchaki keldimikin yoki fikri o‘zgarganini bildirib ketdimi?
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:00:52
* * *

Oradan besh kun o‘tgach, Davron institutdan telegramma oldi. Rahbarlar «Masalani birgalikda hal qilish uchun» uni chaqirishibdi. Masala Davron o‘ylagandan ham tez hal bo‘ldi. U idorada yarim soatgina o‘tirdi. Idora sohibiga xayr ham demay, xonadan chiqdi-yu, kotibadan bir varaq qog‘oz so‘rab olgach, nima deb yozishni bilmay o‘ylanib qoldi. Avval noroziligini ifoda etib, so‘ng bo‘shatishlarini so‘rasinmi yoki oddiygina qilib «O‘z xohishim bilan», deb yozsinmi? «Norozilik bildirsam gap ko‘payadi. U edi, bu edi, deb arizamni qo‘limga qaytarib berishadi. Bu odamga bas kelib bo‘lmaydi. Tinchgina «o‘z xohishim bilan bo‘shating», deb qo‘ya qolaman». Davron shu qarorga kelib, ikki satrdan iborat arizani yozdi-da, kotibaga berdi. Ko‘chaga chiqqach, vujudidan bir narsa uzilib tushib qolganday bo‘ldi. «Bekor qildimmi?» degan savol miyasiga gurzi bo‘lib urilaverdi. «Arizamni qaytarib olsammikin», degan xayolga ham bordi. Ammo odam zotidagi xohish va jur’at o‘rtasida mutanosiblik bo‘lavermaydi. To‘g‘rirog‘i, istagan ishini amalga oshirishga jur’at qila oluvchilar kam. Aksar odamlarda biror narsaga xohish tug‘ilgan onda turli xayollarga, ba’zan istiholaga borib, ba’zan kimgadir rahm qilib, ba’zan esa kimdandir o‘ch olish qasdida yonib, o‘ylagan ishini bajarmaydi. Davron ham shunday kishilar toifasidan. U telegrammani olgan zahotiyoq, kimga uchrashishini, nima gaplar bo‘lishini taxmin qilgandi. Shubhasi to‘g‘ri chiqdi: uni dotsent Bekmirzaevni jinidan battar yomon ko‘ruvchi institut rahbarlaridan biri — Niyozning qarindoshi yo‘qlatgan edi. U Davronni ochiq chehra bilan qarshi oldi. Eng yaqin mehribonlaridan ham eshitmagan shirin gaplarni shu kishidan eshitdi. Davron bu lutfu karamning niqob ekanini, niqob ortida o‘tkir tig‘li xanjar shay turganini yaxshi tushunib turardi. Uning aqli faqat bir narsadan lol edi: Bekmirzaevku olamdan o‘tib ketdi. Endi Bekmirzaev boshlagan ishni to‘xtatishdan nima naf ko‘rmoqchi bu odam? Nahotki Yozyovondagi qazishmalarning mutlaqo kelajagi bo‘lmasa? Yo‘q, kosaning tagida nim kosa bo‘lishi aniq! Faqat niqob qachon ochiladi-yu, nim kosa qachon yuzaga chiqadi, shunisi noma’lum. Odatda, makkorlik bobida xotinlarning tengi bo‘lmaydi, deyishadi. Aytishlaricha, Amazonka sohillarida po‘sti bebaho sanaluvchi bahaybat bo‘g‘ma ilon yasharkan. Har qanday kuchli, har qanday dovyurak erkak ham u bilan yuzma-yuz kelsa hayotdan umidini uzib qo‘yaverar ekan. Ana shu bahaybat ilonni chiroyli ayollar osongina tutib berisharkan. Ular ilonning ini yoniga kelib, kiyimlarini yechib onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsalar, shu holga kelib turarkanlar. Oshiq ilon unga o‘ralib mast bo‘lgach, panadagi erkaklar chiqib uni saranjomlar ekanlar. Davron idorada o‘tirib rahbarning so‘zlarini tinglar ekan, o‘sha baxtiqaro ilonlar bilan go‘zal, ayni chog‘da makkor ayollarni esladi.
— Men Bekmirzaevni g‘oyatda hurmat qilardim. U noyob iste’dod egasi edi. Do‘stim boshlagan ishni davom ettirish qasdida ekaningizni bilib, boshim osmonga yetdi. Biroq...
«Ayol yechindi. Endi ilon tashqariga chiqishi kerak», deb o‘yladi Davron.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:01:00
— Biroq... o‘zingizga ma’lum, hamma ishimiz reja asosiga qurilgan. Shunga yarasha mablag‘ ajratiladi. Yozyovondagi ish yaqin yillardagi rejamizda yo‘q edi. Ammo Bekmirzaevga nisbatan bo‘lgan hurmatim tufayli o‘rtoqlardan iltimos qilib o‘rtaga tushgan edim. Afsuski, biz rejamizdagi ishlarning xotimasini ham o‘ylashimiz kerak.
«Ilon ayolga chirmashishi kerak. Lekin men sen o‘ylaganchalik go‘l emasdirman», deb o‘yladi Davron uning so‘zlarini diqqat bilan tinglar ekan.
— Shuning uchun Yozyovondagi ishni vaqtincha to‘xtatamiz. Piskentdagi o‘rtoqlar yordamga muhtoj. Sizni o‘sha ekspeditsiyaga rahbar qilib tayinlaymiz...
Kutilmaganda ilon yalang‘och ayolga chirmashish o‘rniga atrofida bir aylandi-yu, ovora bo‘lib yechingani uchun unga rahmat aytib iziga qayta boshladi.
Avval ozgina bahs bo‘ldi. Davronning barcha tushuntirishlari «To‘g‘ri-yu, lekin iloj qancha?» qabilidagi so‘zlar bilan bo‘g‘ildi.
Davronning joni hiqildog‘iga kelib qoldi. Nima qilish kerak, bu odamni urib bo‘lmasa, so‘kib bo‘lmasa... Tushuna turib o‘zini go‘llikka soladi. Qaysar eshakday oyoq tiraydi. Davronning xunobi oshgandan oshib, oxiri «Yozyovonda ish to‘xtasa, men bu yerda qololmayman», deb yubordi. Nazarida, rahbar shu gapdan keyin sal pastga tushishi kerak edi. Yo‘q, bunday bo‘lmadi. U o‘sha-o‘sha muloyimlik bilan «Xohishingiz, o‘zingiz istamasangiz sizni zo‘rlab ishlata olmaymiz. Iste’dodingizga tan berardik, ammo ilojimiz qancha!», deb qo‘ya qoldi.
Davron ko‘chada keta turib uning har bir so‘zini qayta-qayta esladi. Tirjayib tilla tishlarini namoyish etuvchi, hissiz boquvchi, silliq, ajinsiz yuzlariga sovuq parda tortilgan bu odam uning ko‘z oldida turib oldi.
U qaerga borishni, dardini kimga to‘kib solishni bilmadi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgan har bir qadrdoni, shubhasiz, «burgaga achchiq qilibsan», deb nasihatga tushadi. Bunday gaplarga Davronda sira toqat yo‘q. U o‘zini haq deb biladi — tamom! Davron avvaliga ko‘chadagi odamlar oqimidan ajrab, xoliroq yerga— katta anhor sohilidagi mo‘’jaz boqqa bormoqchi edi. Ammo nima uchundir trolleybusga chiqib temir yo‘l bekati tomonga ketdi.
Bekatdagi odamlar iniga cho‘p suqilgan arilarday tinim bilishmaydi. Davron kerakli poezdning jo‘nash vaqtini bilsa-da, qatnov jadvali oldida uzoq turib qoldi. «Uyga ketvorsammikin? — deb o‘yladi u. — Bir-ikki yildan keyin qaytib kelaman. Axir u bir umr ishlamas-ku... Men ham ko‘proq og‘zida ish bajaradigan odamga aylanib boryapman. Birdaniga ariza tashladim. Birdaniga ketmoqchiman. Necha yillik hayotimni tuproqqa qorishtirib qaytmoqchiman. Ketmaymi? Unda bu yerda nima qilaman? Ishga qaytmayman. Kurashishga qo‘lim kalta. Birovdan yordam so‘ramayman. Kalla g‘ovlab ketdi...»
— Qaysi tomonlarni mo‘ljal qilib turibsan?
Davron orqasiga, ovoz kelgan tomonga qaradi. Bir qo‘lida katta chamadon tutgan, katta tugunni qo‘ltiqlab olgan, kiyimlari ancha uringan, soch-soqoli o‘sgan o‘ttiz besh yoshlardagi kishini avvaliga tanimadi.
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:01:08
— Nimaga anqayib qolding, kardinal, tanimadingmi?
— Tal’at aka?
— Ha, o‘zimman. — U shunday deb chamadonni yerga qo‘ydi-da, qo‘ltig‘idagi tugunni bo‘shatmaganicha unga qo‘l uzatdi. — Qayoqqa bormoqchisan?
Davron qaerga borishini o‘zi ham bilmagani uchun javob qaytarishga taraddudlandi. Tal’at buni sezdi. Yelkasiga mushti bilan asta turtib kuldi.
— Boshing oqqan tomongami? — dedi u jadvalni imlab ko‘rsatib. — Men ham hayron bo‘lib turibman.
— Yana daydilikning xumori tutdimi, deyman?
— Daydilik deysanmi? — Tal’at bosh chayqadi. — Yo‘-o‘q, kardinal, bunisi daydilik emas.
— Sayrmi?
— Bu so‘zing haqiqatga yaqinroq. Sayr ham sayr, sargardon ham sayr degan gaplar bor bu yorug‘ olamda, eshitganmisan? Qani, yur tashqariga chiqib hangoma qilaylik. — Tal’at shunday deb chamadonni ko‘tardi-da, bekat ro‘parasidagi daraxtzor tomon yo‘l boshladi. Davron unga so‘zsiz ergashdi. Bir jihatdan hamqishlog‘ini uchratib xursand bo‘ldi. Tal’atning so‘rab-surishtirish odati yo‘q.
Davron Tal’atni maktabda o‘qib yurgan kezlaridan beri biladi. Ammo shu paytgacha uning fe’liga tushuna olmaydi. Esi butun desang, dam tog‘dan, dam bog‘dan keladi. Hech kimning otini aytib chaqirmaydi. Birovga «kardinal», birovga «moestro», ayollarga «ledi» deb murojaat qiladi. Savdoyimikin, deb o‘ylasang, gaplari ma’nodan xoli emas. Odamlarga yomonlik qilmagan, og‘zidan haqorat uchganini hech kim bilmaydi. Ayni chog‘da u qishloqdagi tengdoshlariga kamdan-kam qo‘shilardi. Yigitlar choyxonada oshxo‘rlik qilayotgan damda u qaysi bir ovloq joyda yonboshlab kitob o‘qiyotgan bo‘lardi. Kitobni sevish, qadrlashni Davron Tal’atdan o‘rgangan. Davron o‘shanda to‘qqizinchi sinfda o‘qirdi. Harbiy xizmatdan qaytgan Tal’at shu sinfdagi Mashkuraga ko‘ngil qo‘ydi. Davron u kezlari Mashkuraning partadosh dugonasi bilan ko‘z urishtirib yurardi. Davron bilan Tal’atning yaqinlashuviga shu qizlar sabab, desa ham bo‘ladi. Chunki Mashkura Tal’at bilan uchrashuvga sira yolg‘iz bormas, tabiiyki, dugonasiga qo‘shib Davronni ham sudrardi. Ularning suhbatlari turli kitoblarda bayon etilgan voqealar atrofida bo‘lardi. Tal’at har uchrashuvga yangi kitob ko‘tarib kelardi. To‘g‘ri, ba’zan u maqtagan asarni oxirigacha o‘qishmasdi. Ular ko‘proq sevgi uchun kurashuvchi oshiq-ma’shuqlarning boshidan kechirganlari, ularning bir-biriga roz aytishiyu birinchi bo‘saning mazasi kabi gaplar yozilgan kitoblarni berilib o‘qirdilar. Davron o‘sha damdagi kitobsevarligini eslasa soddaligidan kulib qo‘yadi. Yo‘q, buni soddalik deb ham bo‘lmaydi. Mo‘ylablari endi sabza urib, ovozlari do‘rillab, qizlarning bilagiga barmoq uchi tegib ketganda entikadigan, kunu tun qizlarni o‘ylaydigan yoshda bundan o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emas. Bu yoshda bir satr falsafa, bir satr aqlli gap ular uchun ortiqcha. Bir bo‘sa tarixini bayon etuvchi yostiqday kitob esa yetarli emasday tuyuladi. Xullas, ko‘z ochib yumguncha sururga boy damlarning nihoyasi ko‘rina boshladi. Gazetalarda yozilaverib siyqasi chiqib ketgan ibora bilan aytganda ular «mustaqil hayot ostonasiga» qadam qo‘ydilar. Qo‘ydilar-u, birgalikda uchrashuvlar, kitobxonliklar barham topdi. Tal’atning onasi Mashkuralarning ko‘chasini bir necha bor supurdi. Ikki yil mobaynida «Tal’at» desa ko‘zi yonuvchi Mashkura birdaniga o‘zgardi qoldi. Sovchilar quruq qaytishaverdi. Tal’at nima gap bo‘layotganini anglab yetmay Mashkuraning to‘yi haqidagi xabar tarqaldi: u RayPO mudirining o‘g‘lini tanlabdi. Tal’at buni eshitdi-yu, qishloqda ko‘rinmay qoldi. Davron bir kuni Mashkurani ko‘chada uchratib «Nimaga bunday qilding?» deb so‘radi. U esa qoshlarini chimirib: «Nima, u bilan chimildiqda ham kitob o‘qib o‘tirishim kerakmidi?» dedi. Davron quloqlariga ishonmadi. Mashkuradan shunday gap chiqishi, uning bu qadar tez o‘zgarishi yetti uxlab tushiga kirmagan edi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:01:17
Davron o‘sha yili o‘qishga kiraman, deb shaharga yo‘l oldi-yu, quruq qaytdi. Kuzda harbiy xizmatga ketdi. Xizmatni tugatib, institutga kiraman deb yurganida Tal’at qishloqqa qaytib keldi. U uch yil shaharma-shahar yuribdi. Institutga ham kirib o‘qibdi. Ammo o‘qish yoqmay, tashlab qishloqqa qaytibdi.
— Shaharning ohanrabosi bor, deb o‘ylardim, — dedi u bir kuni Davronga yorilib. — Yo‘q, aldamchi his ekan. Shaharlarning havosiga, shovqiniga, harakatiga ko‘nika olmadim. Kunda yigirma to‘rt soat harakatda bo‘lsang ham vaqt yetishmaydi. Bunday orqangga qarasang, umring bekor o‘tayotganga o‘xshaydi.
Davron o‘shanda unga tayinli bir gap aytolmagan edi. Keyinchalik o‘zi shaharda o‘qib, ishlab yurgan kezlarda uning bu gapini ko‘p esladi, mulohaza qildi. Tal’at mutlaqo nohaq edi. U shaharlarni maqsadsiz kezdi. Institutga ham bemaqsad kirdi. Shuning uchun oxirigacha o‘qigisi kelmadi. U yashamoqning mazmunini (garchi ko‘p o‘qigan bo‘lsa-da) yaxshi anglab yetmagan edi. Shu sababli umri besamar o‘tayotganady tuyulardi. U qishloqqa qaytgach ham tayinli ishga qo‘l urmadi. Boqqa qorovullik qilib, bo‘sh vaqtini yana kitoblarga sarfladi. Davron o‘qishga ketadigan chog‘da unga bir kitob sovg‘a qildi.
— Shu yerda o‘qib ol. Bundan so‘ng bironta ham kitob o‘qiy olmaysan, —dedi u.
— Nimaga? — dedi Davron bu gapdan ajablanib.
— Shaharga borganingda bilasan. — Tal’at boshqa so‘z aytmay orqasiga qaytgan edi.
Darhaqiqat, Davron bir-ikki yil badiiy asar o‘qiy olmadi. Institutning dastlabki kurslarida vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olmay ko‘p qiynaldi. Keyinchalik barcha ish uchun vaqt topadigan bo‘ldi. Kitob ham o‘qidi. Faqat avvalgiday duch kelganini emas, tanlab, saralab o‘qidi...
Bekat eshigidan chiqqach, katta ko‘chani kesib o‘tib daraxtzor o‘rtasidagi o‘rindiqdan joy olgunlariga qadar Davron mana shularni xayolidan o‘tkazdi. Tal’at ko‘krak cho‘ntagidan yarim chekilgan sigaretni olib tutatdi. Bir-ikki tortgach, yo‘tali tutdi.
— Shu ham yoqmay qoldi, chekmay desam, o‘rganib qolganman, tashlashning iloji bo‘lmayapti. Cheksam yo‘tal tutadi.
— Irodangiz bo‘shashib qolibdi.
— Avval mustahkam edimi? — Tal’at qo‘l siltadi.— Bu sohada o‘zgarish yo‘q, kardinal. Ishlaring qalay?
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:01:33
 — Yomon emas.
— Yomon emas, deganing «unchalik yaxshi emas», degan ma’noni ham anglatadi. Bekatda dovdirab turganingdan biluvdim. Lekin nima uchun yaxshi emasligini surishtirmayman. Bu sening shaxsiy ishing.
— Bitta ablah odam bor... — Davron o‘zi bilmagan holda yorila boshladi. Lekin Tal’at uni gapirtirishga qo‘ymadi.
— Agar bu dunyoda faqat bittagina ablah odam bo‘lsa, do‘ppini chambarak qilib yursa arzirdi. Ha, mening qishloqdan nima uchun ketayotganimni bilmaysan, a?
— Bu sizning shaxsiy ishingiz... — dedi Davron uning gapiga shama qilib. Tal’at bunga e’tibor bermadi. O‘chib qolgan sigaretasini yana yondirdi.
— Qishloqning tinchi buzildi. Zavod qurilayotganini eshitgandirsan? Endi qishlog‘imiz shaharga aylanarkan. O‘zim shahardan bezib qishloqqa qaytib kelgandim. Endi qayga borishni bilmay garangsib turibman.
— Tal’at aka, bir gap aytaymi?
— Aytma, kardinal. Nasihatga muhtoj emasman. Yaxshisi ortiqcha puling bo‘lsa ozroq qarz ber. Tilanyapti, deb o‘ylama. Tirikchilikka yetarli mablag‘im bor. Faqat biror yerga borib ishga joylashgunimcha yetmay qolishi mumkin. Birinchi maoshimdan qaytarib yuboraman.
Davron cho‘ntagida borini berdi. Har ehtimolga qarshi deb, o‘ziga bir-ikki so‘m olib qoldi.
Tal’at pulni qo‘lida ushlab, unga tikilganicha jim o‘tirdi. Aftidan pul so‘rashga so‘rab qo‘yib, endi ichini it tatalayotgan edi.
— Qishloqqa borsang... opamnikiga kir. Kitoblarimni o‘sha yerda qoldirganman. Bir to‘pini sen uchun ajratib qo‘ygan edim. Hammasini ola qol. Bari bir u yerda hech kim yolchitib o‘qimaydi. Xor bo‘lib, titilib ketadi. Sen yaxshi asraysan... Pul berganing uchun in’om qilayotganim yo‘q, avvaldan shunday niyatim bor edi... Qarzimni albatta qaytaraman.
— Qistayotganim yo‘q shekilli? Kitoblarni sota qolmabsiz-da?
— Kitob sotganimni ko‘rganmiding? Ularning har bir sahifasiga umrimni berganman-ku!? Odam umrini sotishi mumkinmi? Sotolmaydi. Odam faqat ikki narsasini — baxtini yoki qayg‘usini sotishi mumkin. Baxtini qizg‘anadi. Qayg‘usini esa hech kim olmaydi. Hatto sen ham meni tushunmaysan...
Tal’at pulni cho‘ntagiga solib o‘rnidan turdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:01:41
— Uyga borib choy-poy ichaylik.
— Yo‘q, uyingga bormayman. Choy desang mayli, choyxonaga o‘taylik.
Ular anhor yoqasidagi choyxona tomonga yurdilar. Tushlik payti yaqinlashgan edi. Davron bir choynak choy bilan ikki piyolani xontaxtaga qo‘yib «Bir chinnidan lag‘mon olib kelay», deb yemakxona tomonga o‘tdi. Navbat kutib picha turib qoldi. Ikki qo‘lida ikki kosani ko‘tarib choyxona tomonga o‘tdi-yu, hozirgina Tal’at o‘tirgan joyning bo‘shab qolganini ko‘rib ajablandi. Xontaxta ustiga to‘ntarib qo‘yilgan piyolani olgach, voqeaga tushundi: Tal’at Davron bergan pulni shundayligicha qo‘yib ketibdi...
Davron avvaliga uning orqasidan bormoqchi bo‘ldi. So‘ng borishning befoydaligini bilib joyiga qaytdi. Dili battar xufton bo‘lib tomog‘idan ovqat o‘tmadi. Tez-tez yurib ko‘chaga chiqdi-da, trolleybusga o‘tirib uyiga jo‘nadi.
Ko‘cha yuzidagi oynavand do‘kon oldi gavjum edi. Davron beixtiyor o‘sha tomonga yurdi. Muzdek pivoni ketma-ket sipqorgach, sal kayf qildi. Ko‘ngli xush bo‘lmay, battar asabiylashdi. Shunda ham turgisi kelmadi. Atrofda to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirgan pivoxo‘rlarning ayrimlari faqat o‘zlari tushunadigan payrovda askiya qilar, ba’zilari qattiq bahslashar, yana birovlari sigaret tutatganicha xotirjam suhbat qurar edi. Davronga o‘xshash yakka-yolg‘iz pivoxo‘rlar esa ularga qiziqishsiz qarab o‘tirishar edi. Pivo ta’sir qildimi yo havoning qizigani sabab bo‘ldimi, har nechuk uni uyqu bosdi. Ko‘zlari yumilib ketaverdi. Shuning uchun o‘rnidan turib uyiga ketdi.
Xonasiga kirib cho‘zilishi bilan uyqu qochdi. Ertalabki noxush suhbat, yozib tashlab kelgan arizasi xayolidan nari ketmay qoldi. O‘rnidan turib ketdi. Xonada bir oz yurib yana yotdi. Yana turdi. Kitob olib o‘qimoqchi bo‘ldi. Ko‘zlar harf teradi, ammo nima o‘qiyotganini o‘zi ham bilmaydi. Satr oxirlamay turib so‘zlarni unutadi. Shu zaylda azob chekib o‘tirganda qo‘ng‘iroq jiringladi. Erinibgina turib eshikni ochdi. Ostonada jilmayib turgan Mahbubani ko‘rib ko‘zlariga ishonmadi.
— Ostonada so‘rashish gunoh hisoblanarkan, — dedi Mahbuba kulimsirab.
Davron shundagina xayolini jamlab uni ichkariga taklif qildi. Betartib sochilib yotgan narsalarni shoshib yig‘ishtirishga tushdi. Mahbuba uning harakatlariga bir oz qarab turdi-da, keyin yordamlasha boshladi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:01:50
— Siz... urinmang, o‘zim... o‘zim yig‘ishtirib qo‘yaman. Mehmonning ishlashi ayb bo‘ladi.
— Erkak kishining uyda ivirsib yurganini ko‘rsam g‘ashim keladi.
Davron kulimsirab qo‘ydi.
— Sizni ko‘chada ko‘rib qoldim. Ishxonangizga telefon qilsam, bir qiz ishdan bo‘shab ketdilar, dedi. Hayron bo‘lib uyingizga kelaverdim. Tinchlikmi o‘zi?
— Tinchlik...
— Aytishib qoldingizmi?
Davron bosh irg‘adi. Ayol kishiga hasrat qilishni istamadi. Ammo Mahbuba gapni aylantirib shu mavzuga taqayvergach ariza yozishining boisini qisqa qilib aytdi.
— Faqat «Burgaga achchiq qilibsiz, irodangiz bo‘sh ekan», demang. Nasihat ham qilmang, iltimos.
— Endi nima qilmoqchisiz?
— Bilmadim.
— Qo‘li kuchli birni, bilimi kuchli mingni yengar, degan hikmat bor. Yig‘lamsirash sizga yarashmaydi.
— Nima dedingiz!? Yig‘lamsirash?.. — Boshqa so‘z aytishga, o‘zini oqlashga, Mahbubaning nohaqligini isbotlashga tili aylanmadi. Mahbuba uni haqorat qilish niyatida bunday demadi. Achinganidan, kuyunganidan aytdi. O‘ylab qarasa, bir jihatdan gapi to‘g‘ri. Erkak kishining ayol oldida nochor ahvolda mung‘ayib o‘tirishi darhaqiqat uyat. Davronni bu noqulay ahvoldan Mahbubaning o‘zi qutqardi.
— Qilayotgan ishingizning to‘g‘riligiga ishonchingiz komilmi? — dedi.
— Ha.
— Unda chekinmang, bo‘sh kelmang.
— Bilaman! Chekinmoqchi emasman! Yig‘lamsirayotganim ham yo‘q! Men bu ishni oxiriga yetkazmay qo‘ymayman!
Davronning kun bo‘yi yig‘ilib qolgan dardi baqiriqqa aylanib yuzaga chiqdi. Beayb ayolga baqirishning noo‘rinligini bilsa ham o‘zini tuta olmadi. Mahbuba uning gaplarini indamay eshitdi. Davron jim bo‘lgach, o‘rnidan turdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:02:01
— Mahbuba, kechiring, o‘zimni tutolmadim, — dedi Davron uning yo‘lini to‘sib.
— Xafa bo‘lganim yo‘q. Uyga barvaqtroq qaytishim kerak. O‘g‘lim betob. — U shunday deb Davronni chetlab o‘tdi. — Umuman erkak kishining baqirib turishi ham yaxshi. Lekin besabab baqirish uning johilligini fosh qilib qo‘yishi mumkin.
Mahbuba eshikni ohista yopdi. Biroq Davronning nazarida, eshik juda qattiq yopilganday, uy titrab ketganday bo‘ldi.
Bu kech mutlaqo uxlay olmadi. Avvaliga bo‘lib o‘tgan voqealarni aql tarozusiga bir-bir qo‘yib chiqdi. Boshi yostiqqa tegishi bilan qulog‘i shang‘illadi. Keyin hushtak, so‘ng eshikning g‘ijirlashini eslatuvchi ovoz. Yurakning tez-tez urishi... Bu safar vahima bilan turib ketdi. Chiroqni yoqdi. Ko‘zguga qaradi: xiyol qisiq ko‘zlari qizarib ketgan, tepaga taraluvchi sochlari parishon. Ozganga o‘xshaydi. Yonoq suyaklari bo‘rtib qolibdi. Go‘yo ko‘zgudan unga yassibosh odam qaraganday bo‘ldi. Davron seskanib hovliga chiqib ketdi. U hovlidagi so‘riga suyanib ochiq eshikka tikilib turdi. «Kim bu o‘zi? Nima uchun ta’qib qilyapti? Nima uchun men g‘alati voqealar domiga tortilyapman? Allaqanday yassibosh uch barmoqli odamlar... Tush ko‘ryapmanmi? Axir bu tez-tez takrorlanyapti-ku! Bugun uchinchi marta ko‘rinishi. Asablarim charchaganmi? Yo ruhiy kasalga chalindimmi? Ichkilikka berilgan odamlarni sharpalar ta’qib qiladi, deyishadi. Balki men ham. Axir, men ko‘p ichmayman-ku...»
Yo‘q, Davron ruhiy kasalga chalinmagan edi. Uni sharpa ta’qib etmasdi. Uning ko‘ziga Nig ko‘rinayotgan edi. Tabiatda hech narsa izsiz yo‘qolmaydi. Bundan necha asrlar muqaddam Yerga kelib ketgan Nig atmosferaning hali odamzodga noma’lum zarralarida yashab yurardi. Yerni o‘rganish maqsadida, sayyoraning bir nuqtasiga qadalib qolgan asboblar hanuz ishlab turar, u o‘zining to‘lqinlari bilan Davronning miya to‘qimalariga ta’sir etib qo‘ygan edi. Bu o‘zgarish dotsent Bekmirzaevda ham sodir bo‘lgan, ammo bevaqt o‘lim uni kelgusi sinovlardan mahrum qilgan edi. Yozyovondagi qazilmalarda tanaffussiz ishlayotgan Davron Unetdan kelayotgan to‘lqinlar domiga tobora chirmashar, tabiiyki, buni o‘zi sezmas edi. U ochiq eshikka uzoq tikilib turdi. Yurak urishi mo‘’tadillashgach, ozgina xavotir bilan ichkariga kirdi. Chiroqni o‘chirmay yotdi. Ammo shu topning o‘zida qulog‘i shang‘illadi, ko‘ziga yassibosh odam ko‘rindi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:02:19
ULOQ

Davron nima qilarini bilmay yana ikki kun shaharda qolib ketdi. Yuragi siqilib, duch kelgan odam ko‘ziga olchoq bo‘lib ko‘rinaverdi. Kechalari uyquda halovat yo‘q. Kunduzi birovga yorila olmay qiynaladi. Nihoyat uchinchi kuni oqshomda bekatga yo‘l oldi.
Qishlog‘iga ham sig‘madi. Yuragi toshib ketaverdi. Ustiga-ustak xotini haqidagi (qo‘yib yuborgan bo‘lsa ham) mish-mishlar ko‘kragiga cho‘g‘day bosilardi. Shuning uchun avtobusga o‘tirib Yozyovon tomonga jo‘nadi. Shu kunlar ichi xayolida bir reja kurtak ochgan, ammo uni amalga oshirish yo‘lini belgilay olmay garang edi.
Avvaliga kolxozga borib Yigitali akani topmoqchi ham bo‘ldi. Biroq xayolimni bir yerga to‘plab olay, degan qarorga kelib to‘g‘ri qazilma manziliga o‘tib ketdi.
Chodirlar yig‘ib olingan. O‘ydim-chuqur yer yetim qolgandek mung‘ayib turibdi. Yengil shabada qo‘zg‘algan kezlari g‘ubor bir ko‘tariladi-yu, go‘yo eringanday, yana ohista yerga qo‘nadi. Xayolini jamlash maqsadida bu yerga kelgan Davron kalavaning uchini butunlay yo‘qotdi. Uzoq vaqt nest bo‘lib turdi. Keyingi kunlar ichidagi voqealar, ko‘rgan odamlari, suhbatlar, g‘ijirlab asabga teguvchi eski charxpalak singari qayta-qayta yodiga tushaverdi. Turaverib oyoqlari toliqdi. Asta yurib pastga tushdi. Darhaqiqat, yer ko‘p kavlandi. Ammo natija yetarli bo‘lmadi. Lekin bu hech qachon, hech qaerda ishni muddatidan ilgari, chala holda tugatishga asos bo‘lgan emas. U odam yo johil, yo xudbin, yo olchoq yoki hiylagar. Balki shu to‘rt «fazilat»ni birato‘la o‘zida mujassamlantira olgan badbaxtlardandir? Mana shu yer, mana shu tuproq necha asrlarni ko‘rdi, necha xil voqeaga guvoh bo‘ldi, necha-necha odamning qonini, ko‘z yoshini shimdi. Shuning uchunmi, tuproqqa ham, zaminga ham tabarruk, deb nisbat beriladi. Ammo tabarruk tuproqni toptab o‘tgan necha-necha ablah hech kimning xayoliga kelmaydi. Zamin odamzodning hamma toifasini ardoqlab, bag‘ridan necha yillab joy beradi. Agar Yerda insonning hissi, tuyg‘usi bo‘lgandami, yelkasida shunchalar haromxo‘r borligini bilib allaqachonlar yorilib ketardi. Odamzodning baxtiga zamin insonning toifalarga ajralganini bilmaydi.
Davron shunday xayollar og‘ushida tekshirilayotgan yerlarni aylanib chiqdi. Yuqoriga ko‘tarilib, changni to‘zitganicha yaqinlashayotgan mashinaga ko‘zi tushdi. Mashina Davronning shunday yonida to‘xtadi. Chang to‘zoni mashinani quvib yetib, atrofini bir zumgina quyun kabi o‘rab turdi. Bu orada mashina eshigi ochilib Yigitali aka ko‘rindi. U qo‘li bilan changni haydagan bo‘lib Davronga yaqinlashdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:02:27
— Sizni o‘g‘lim katta yo‘l yoqasida ko‘rib qolgan ekan. Xabaringizni eshitib shu yerdadirsiz, deb kelaverdim, — dedi Yigitali aka u bilan omonlashib bo‘lgach.
— Rahmat, rais buva, — deb jilmaydi Davron, — o‘zim ham hozir siz tarafga bormoqchi bo‘lib turuvdim.
— Qani, bo‘lmasa ketdik.
Yo‘l-yo‘lakay Davron bo‘lgan gaplarni qisqa qilib aytib berdi. Yigitali aka uning so‘zlarini bo‘lmay eshitdi. Faqt ba’zan «attang», «chakki bo‘libdi», deb qo‘ydi. Davron sarguzashtini tugatgach, «Bir gap bo‘lar kuyunavermang», dedi-yu, tayinli maslahat bermadi. Shu bois Davron o‘ylab kelgan rejasini aytishga istihola qildi.
Uyga borishdan oldin kolxoz idorasiga kirib o‘tdilar. «Bir daqiqalik ish bilan» idoraga kirgan rais oqshom chog‘ida qaytib chiqdi.
— Davronbek, sizga bir maslahat bor, — dedi u mashinaga o‘tirgach. So‘ng hamsuhbatidan sado chiqishini kutmay so‘zini davom ettirdi. — Agar biror ishni mo‘l qo‘ymagan bo‘lsangiz, kolxozimizga a’zo qilib olamiz.
— Ie, — deb kuldi Davron, — kolxozda nima ish qilaman?
— Traktorchilar yetarli, suvchilikni sizga ishonmayman... Bo‘zchi bilganini to‘qigani ma’qul. Siz qazishmalaringizni davom ettirasiz.
Aslida Davronning ham maqsadi shu edi. Kolxozdami yoki maktabdami ishlab, bo‘sh vaqtida qazishmani yolg‘iz o‘zi bo‘lsa ham davom ettirishni reja qilgandi. Biroq raisning o‘zidan bu taklif chiqishini sira kutmagan edi. Rais shunchaki mehribonlik qilyaptimi yo bu ishdan kolxozga manfaat ko‘ryaptimi? Har holda bir sir bor. Davron ana shu sirdan voqif bo‘lish uchun o‘smoqchilab so‘radi:
— Kolxoz shuning uchun menga haq to‘laydimi?
— Yo‘q, buning uchun emas. Istasangiz muallimlik qiling, balki madaniyat uyimizni berarmiz. Ko‘p bo‘lmasa ham ikki-uch hasharchi bilan ta’minlashni bo‘ynimga olaman, kelishdikmi?
— Kelishmagan odam — nomard. Ammo bir narsaga tushunmayroq qoldim.
— Bir emas, ko‘p narsaga tushunmaysiz. O‘ydim-chuqur qilib yuborgan yeringiz necha gektar, bilasizmi? Ishingiz qancha tez tugasa, kolxozga shuncha foyda.
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:02:34
— Agar o‘sha yerdan shahar chiqib qolsa-chi?
— Nima bo‘pti?
— Uni qaytib ko‘mib yubora olmaymiz-ku? Nodir tarixiy muzey ustiga tuproq tortib paxta ekishga qo‘lingiz bormas?
— Agar shahar topilsa, yana ham yaxshi. Muzey bo‘lsa nur ustiga a’lo nur. Muzeyning kolxozga nafi tegmaydi, deysizmi? Naf deganda faqat pulni emas, ma’naviy boylikni ham hisobga oling-da!
Davronning ko‘ngliga chiroq yoqilganday bo‘ldi. Raisning qo‘lini mahkam qisdi.
Hovliga kirishganda Xosiyat xola oftobning kuchsiz nuriga orqa qilib o‘tirgan edi. Mehmonni ko‘rgach, tizzasiga tiralganicha o‘rnidan turib so‘rashdi-da, so‘riga boshladi. Mehmon joylashib o‘tirgach, Yigitali aka «Picha o‘tira turing», deb otxona tomonga yurdi. Hadeb ochilib-yopilaverib pastki tomoni yer chizadigan bo‘lib qolgan omonat eshik xunuk g‘ijirladi. Ichkaridan otning pishqirishi, keyin unga urilgan shapatining, so‘ng Yigitali akaning «Ha, jonivor, tek, tek», degan ovozi keldi. Xosiyat xola: «Aybga buyurmaysiz o‘g‘lim», dedi-da, tizzasini ushlagancha asta o‘rnidan turib olgach, ochiq bostirma tomonga qarab yurdi. Tandir yoniga uyib qo‘yilgan g‘o‘zapoyadan bir tutam olib qirs-qirs sindirgach o‘choqqa tashladi. Hali eski cho‘g‘lar o‘chib ulgurmagan o‘choqda g‘o‘zapoya bir oz tutab turdi-yu, keyin alanga oldi. Otxonaning eshigi yana g‘ijirladi. Ovqatning tuzini totayotgan Xosiyat xola eriga qaradi:
— Muncha hayallamasangiz, sho‘rva bo‘tqaga aylanib ketdi-ku. O‘g‘lingiz bola-chaqamni olib kelay, deb qudangiznikiga ketganicha daragi yo‘q. Ota-bolani kutib kunim o‘taverar ekan-da, a?
— Idorada Shonazar, Mamayusuf, Abulatiflar yig‘ilib o‘tirishgan ekan. Pichi hangoma qildik.
— Hangomangiz ham qursin. Uchta erkak yig‘ilsa xotinlardan battar ezma bo‘lib ketadi rasmi...
— Ezmalikda uloq xotinlarda ketgan. To‘rttagina gapimiz ham ezma bo‘ldimi? Biz gapirsak ishdan gapiramiz. Ertaga terimni boshlamay turib paxta bayrami qilmoqchimiz.
— Endi bunaqasiga o‘tibsizlar-da, paxta bayrami terimdan so‘ng bo‘lardi-ku?
— Terimni yaxshi niyat bilan, yaxshi kayfiyat bilan boshlash kerak. Shunda xirmon katta bo‘ladi. Kolxozning beli baquvvat, terimdan keyin ham bayramga kuchi yetadi.
— Ko‘ngilga sig‘sa har kuni bayram qiling, menga nima?
— Ovqatdan keyin eski chopon bilan shimni olib qo‘yishni unutma.
— Nima?
— Telpakni ham.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:02:42
Yigitali aka Davronning yoniga qaytdi. Xosiyat xolaning qoshiq ushlagan qo‘li muallaq turib qoldi. «Rais bo‘lib ham esini yig‘ishtirmabdi. Ikki yil burun-ku, oyog‘i sinib qancha azob chekdi. O‘zigina azob cheksa mayliga-ya, meni qancha qiynadi. Bari bir adabini yemabdi. Oyog‘ida hali ham og‘riq bor-u, sezdirmaydi. Endi uloq chopmasa kimning ko‘ngli qolarkan? Yoshligida boshqa gap. Qamchi o‘ynatib ot choptirishni o‘zim ham yaxshi ko‘rardim. Dovyurakligi yoqib qolmaganda, bu uloq jinnisiga u dunyo-bu dunyo turmushga chiqmasdim. Yo‘q unga bir balo bo‘lgan. Yo gap talashgan, yo kerilib qo‘ygan... Raisning uloq chopishi quyushqonga sig‘adigan gapmi?..»
Xosiyat xola ovqatni suzib keldi. Yigitali aka uloq haqida bo‘lak gap aytmadi. Qosh qoraygach, Xosiyat xola ro‘paradagi deraza pardasini ko‘tarib televizor qo‘ydi. Sochini beo‘xshov turmaklagan qizni ko‘rdi-yu, qarg‘anib, murvatni burab, bo‘lak tasvirga oldi. Bunisi ham yoqmagach, «shiq» etib o‘chirib qo‘ydi.
— Ha, nimaga o‘chirding? — dedi Yigitali aka televizorning pardasini tushirayotgan xotiniga.
— O‘la qolsin, ko‘radig‘on narsa yo‘q. Gapirishgani-gapirishgan.
— Senga hadeganda o‘yinu ashula bo‘lsa...
— Gap kerak bo‘lsa, qo‘yib ko‘ravering.
Xosiyat xola shunday deb so‘riga keldi-da, omonat o‘tirdi. Ko‘rinishidan choli bilan urishib onasinikiga ketadiganday edi.
«Qarigan sari fe’li nozik bo‘lib ketyapti, — o‘yladi Yigitali aka. — Mehmon bor ham demaydi. Yoshligida sho‘x edi, ko‘nglida kir to‘planmasdi. O‘zi xotin kishi qarimasin ekan. Oldinlari uloqning daragini eshitsa, narsalarni o‘zi tayyorlab qo‘yardi. Otchoparga borib tomosha qilishni qo‘ymasdi. Tomosha qayda! U boshqa xotinlar oldida maqtangani borardi. Eri uloqda tengi yo‘q chavandoz bo‘ladi-yu, maqtanmaydimi? O‘sha damlar o‘tib ketdi-da! Bu xotin nimaga aynib qol- di-a? Rais bo‘la turib uloq chopishimdan or qilyaptimi? Buning nimasi uyat? Nima, rais odam emasmi? Hamisha chetda, o‘zini boshqalardan yuqori olib yuraverish kerakmi? Yoki men qaridimmi? Menga achinyaptimi? Yo‘g‘-e, qarish yoshga qaraydimi, kuchgami? Ilgarilari boshqacha edi... Uning o‘tirishini qara, yulishga chog‘langan mushukka o‘xshaydi-ya! Uloqqa chiqishimdan norozi. Ertaga uloqqa so‘nggi marta chiqaman. Buni hech kim bilmaydi. Bilmagani ham durust. Yo‘qsa, iltifot qilishi mumkin. Yo‘q. menga iltifot kerakmas. Sovrinni o‘z kuchim bilan olaman. Ha, hali uloqda mendan ustun keladigani yo‘q. Yana besh-o‘n yil ot choptirishim mumkin. Lekin izzat borida etakni yopgan ham ma’qul. Ertaga sovrinni olaman-u: «Birodarlar, endigi uloq yoshlarniki, bizga uzr», deyman. Ertaga Homidbek yonimda tursa, ko‘nglimni to‘q tutardim. Yordamga muhtoj bo‘lmasman-ku, har holda yonimda ot choptirsa mador bo‘ladi. Ammo bu bola ancha pishiq chiqdi, otasiga o‘xshamaydi. Otasi birovning haqqini yeb o‘rgangan. Faqat yulishni biladi. Bu bola boshqacha. Otchoparning oldi yigiti shu bo‘ladi. Sovrinni olib, hammaning oldida shu bolaga topshiraman. «Homidbek ot o‘ynatsa, Yigitali uloqqa kelibdi, deyaveringlar», deyman. Mening shogirdimni hamma bilib qo‘ysin.
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:02:49
Ie, bu bola tushmagurning uloqdan xabari bormikin? Aytishganmikin? Kelib ketay ham demaydi... Yo ertalab kelarmikin? Har holda «Menga yaqinroq bo‘l» deb qo‘yishim kerak... Kampir juda shumshayib oldi-yu...»
Yigitali aka shularni xayoldan o‘tkazib kampirini gapga solmoqchi bo‘ldi:
— Davronbek ishlarini chala tashlab ketmoqchi ekanlar, bazo‘r olib qolyapmiz. kolxozning hisobidan bo‘lsa ham ishni davom ettiring, deb iltimos qildik, — dedi u salmoqlab.
— Ajab bo‘libdi, — dedi Xosiyat xola bu gapdan quvonganday chehrasi ochilib. — Akangizning so‘zlarini yerda qoldirmay yaxshi qilibsiz. Biron yil birga yursangiz sizni ham otga mingazib uloqchilarning to‘dasiga qo‘shib qo‘yadilar.
— Bo‘lmasam-chi! — dedi Yigitali aka kerilgansimon ohangda, — Endigi uloq yoshlarniki-da!
— Nechuk? — dedi Xosiyat xola piching bilan uning so‘zini bo‘lib.
— E, o‘rtoq xotinxo‘ja, chiqmagan jondan umid. Biz ham kuch sinashib qolaylik. Bo‘lmasa, ko‘rgan odam qarilikni bo‘yniga olibdi, deb xayol qilishi mumkin.
— Qarang, Homidbegingizmi?
Homidbek otini ko‘chada qoldirib etigining changini qoqqan bo‘ldi-da, ichkari kirdi. Salomlashib, so‘rining poygakroq yeridan joy oldi.
— Ertaga uloq bo‘lishini eshitdingmi? — deb so‘radi Yigitali aka.
— Ha, — dedi Homidbek.
Nima uchundir suhbat qovushmadi. Bundan ko‘proq Davron o‘ng‘aysizlandi. Baxtiga Homidbek uzoq o‘tirmadi. Bir piyola choy ichgach, ketishga ruxsat so‘radi. Yigitali aka uni kuzatib qo‘ydi. Lekin «Ertaga so‘nggi marta uloqqa chiqaman, menga yaqinroq yur, kerak bo‘lsa, yordamlash», deyishga tili bormadi. Xayrlashar chog‘i faqat «Ertaroq kel», deb qo‘ya qoldi.
Homidbekning gapi ham ichida ketdi. U Yigitali akanikiga temir yo‘lning naryog‘idagi fermadan kelgan edi. Uning bu fermaga serqatnovligi, keyingi oylarda yigitning oromi buzilgani Yigitali akaga ma’lum. Homidbek maslahat solganda «O‘zingga yoqsa bo‘ldi-da», degan.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:02:57
Qiz-ku Homidbekka yoqadi-ya, lekin Homidbek qizga yoqmasa-chi? Unda nima bo‘ladi? Homidbek ko‘proq shundan xavfda edi. Mana bugun ham shartta-shartta gaplashgani bordi. Lekin har galgiday gapirolmadi. Yonida jimgina yuraverdi. Oxiri:
— Ertaga kunduzi bo‘shmisiz? — deb so‘radi.
— Nimaydi? — dedi qiz unga savol nazari bilan boqib.
— Uloqqa kelasizmi, demoqchi edim.
— Kelsam kelaveraman. Siz ham chopasizmi?
— Ha.
— Hech yutganmisiz?
— ...Yo‘q.
Qiz kuldi. Homidbek o‘ng‘aysizlandi...
— Eski paytlar bo‘lganda uylanolmay o‘tib ketarkansiz.
Homidbek «nimaga?» demoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tutdi. Qizning gapidan achchiqlandi. Ammo qiz buni sezmay gapini davom qildi:
— Rais buva xotinlarini uloqda yutgan ekanlar, shu rostmi?
— Bilmadim.
— Xosiyat xola o‘sha paytda juda chiroyli bo‘lgan ekanlar. Hadeb sovchilar bosavergach, «Kim uloqda zo‘r kelsa, o‘shanga chiqaman», deptilar. Yigitali aka yutib chiqibdilar. Qiziq, ertakka o‘xshaydi, a?
— Odamlar to‘qigan gap bu.
— Bari bir Xosiyat xola to‘g‘ri ish qilgan ekanlar. Yigitali aka rais bo‘lmay turib ham u kishini hamma hurmat qilardi.
— Ertaga rais buva ham tushadilar.
— Rostdanmi? Unday bo‘lsa boraman.
Homidbek har gal qiz bilan xayrlashganda yuragida bir cho‘g‘ qolganday bo‘lardi. Bu gal cho‘g‘ o‘rnini sovuq bir narsa egalladi. Qizning bu gaplari uning izzat-nafsiga tegib o‘ch olishga — o‘zini ko‘rsatishga undadi. U faqat uloqdagina o‘zini ko‘rsatishi mumkin edi. «Ertaga qanday bo‘lmasin uloqni yutishim kerak. Keyin o‘zi yalinib keladi. Xosiyat xolaning yoshligini nimaga esladi? Yo menga shartini shama qildimi? Qizlar ayyor bo‘ladi. Lekin bari bir men o‘zimni ko‘rsatib qo‘yaman. Yigitali akaga aytaman. «Menga yaqinroq bo‘ling, yordam bering, albatta yutishim kerak», deyman. Ustam-ku, yordam beradi...»
Homidbek raisning uyiga kirib mehmon borligini ko‘rgach, bu gaplarni aytolmasligini sezdi. Xayrlashuv chog‘ida raisning «Ertaroq kel», deganiga «Xo‘p, uyingizga kirib o‘taman», deb otga mindi-da, yo‘rttirib ketdi.
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:03:05
* * *

Chavandozlar temir yo‘lga taqalgan katta maydonga to‘plandilar. Ularning aksari to‘pga yaqinlashgan Yigitali aka bilan quyuq so‘rashdi. To‘dada «Rais buva ham tusharmishmi?» degan shivir-shivir boshlandi.
Solimchi ichiga tuz to‘ldirilgan echki tulupini o‘rtaga tashladi. Maydonni chavandozlarning qiyqirig‘i bosdi. Uloq yerdan uzildi. Bir necha uloqchi to‘pdan ajralib otni surdi. Shundagina Yigitali aka otiga qarsillatib bir-ikki qamchi bosdi. Ot dupurlari orasida uning «Ol, ha, ol!» degan qichqirig‘i eshitildi. Uloqni taqimiga bosgan otliqqa yaqinlashganda qamchinni og‘ziga olib engashdi. Tizginni bir qo‘li bilan ushlab, bir qo‘lini uloq sari cho‘zdi. Bu orada otliqlar ko‘ndalang bo‘lib ularning oldini to‘sdi. Orqadagi dupurlar ham yaqinlashdi. Vaqt boy berilishi mumkinligini sezgan Yigitali aka tizginni qo‘yib yuborib, ikkala qo‘li bilan uloqqa yopishdi-da, siltab tortdi. Ololmadi. Yana tortdi. Shu paytda kimdir uning otini qamchiladi. Ot o‘zini yonga oldi. Rais uloqni qo‘yib yubormay yana siltadi. Otliqlar qiyqirishib ularni o‘ray boshladilar. Yigitali aka bu gal juda keskin siltab uloqni tortib oldi-da, otni niqtadi. Ot tezlashdi. Rais uloqni taqimiga bosib, qo‘liga qamchi oldi. «Ol, ha, ol» deb qichqirdi. U qamchi bilan goh otning u sag‘risiga, goh bu sag‘risiga qarsillatib urar, bu bilan u yaqinlashmoqchi bo‘lgan chavandozlarni o‘zidan bezitib turardi. Shunda ham bir-ikki dovyuraklar uloqqa chang solishdi...
Yo‘lning yarmi o‘tilganda to‘dada faqat o‘ttiz chog‘li chavandoz qoldi. Ko‘pchilik ularning yo‘lini to‘sish maqsadida to‘xtab, o‘zlariga qulay joylarni tanlab turdilar. Rais otga qamchi urayotgan paytlarida yon-atrofiga qarab, nimagadir Homidbekni ko‘rmadi. «Yo‘l poylayapti, shekilli», deb achchiqlanib qo‘ydi. U yoshligidan yo‘l poylovchilarni yoqtirmaydi. «Halol uloqchi pakkadan marragacha kurashishi kerak. Tayyorini tortib olish nomardning ishi» deb Homidbekka necha aytgan edi.
Chavandozlar marraga yaqinlashganlarida to‘da yana quyuqlashdi. «Iyuv, iyuv!», «Ol!», «Bos!» degan qichqiriqlar, otlarning pishqirishlari kuchaydi. Ayniqsa marra atrofida oyoq qo‘ygani joy topilmadi. Chavandozlar to‘dasi ko‘lanka singari chayqalar, otlar og‘zidan oppoq ko‘pik sochar, qamchilar sharaqlar, qiyqiriq bir zum tinmasdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:03:16
Raisning yo‘li butkul to‘silgan, ot faqat burnini kerib pishqirar, sakrashga chog‘lanardi. Bir necha qo‘l baravariga uloqqa yopishar, lekin Yigitali aka taqimini bo‘shatmasdi. Uloqning bir qo‘l, bir oyog‘i allaqachon yulib olingan, ushlab tortish anchayin qiyinlashgan edi. Rais bu ahvolda o‘tib bo‘lmasligini bilib otni qaytardi. To‘da soya singari unga ergashib ancha siyraklashdi. Yigitali aka to‘dadan ajralib otni temir yo‘l tomonga burdi. Keyin yana orqaga qaytdi. Uni yana o‘rab ola boshladilar. Marraga yaqinlashganda kimdir yana uning otini qamchiladi. Yuziga ko‘zi aralash bir narsa «shilt» urilib, u jon achchig‘ida ingradi. Birdan bo‘shashib, oyog‘idan kuch ketdi. Kimdir bir siltab uloqni tortib oldi. Shundan keyingina rais uloqni taqimiga bosib ot qamchilayotgan Homidbekni ko‘rdi. «Yaxshi, endi undan o‘zim olaman», deb ot surmoqchi bo‘ldi. Ammo uni yaqinlashtirmadilar. Marraga juda oz masofa qolgan, u shoshilar, lekin harakati foydasiz edi. Chavandozlar bir qiyqirishdi-yu, jim qolishdi. Uloq solimchining oyog‘i ostiga tashlangan edi. Rais g‘olibning kimligini dastlab bilmadi. Otliqlar asta tarqalishdi. Solimchi Homidbekka to‘n kiygazayotganda rais g‘alati bo‘lib ketdi. Otni burib yengil qamchi urdi. Oyog‘ining zirqirab og‘rishiga, qamchin zahridan yuzining lovillashiga ham e’tibor bermay otni o‘z holiga qo‘ydi. Qaerlarda yurganini, nimalarni o‘ylaganini o‘zi ham tuzuk-quruq bilmadi. Bir payt qarasa, ot bo‘ynini xam qilgancha hovlisiga kirib boryapti.
Eshik oldida Xosiyat xola. Qo‘lida tugun.
— U nima? — dedi Yigitali aka otdan tushmay.
— Homidbegingiz tashlab ketdi, mukofotingiz emish.
Rais engashib tugunni xotinining qo‘lidan oldi-da, otni orqaga burdi. Xosiyat xola «Yana hayallamang», deganicha qoldi.
Rais Homidbekning eshigiga kelib ham otdan tushmadi. Qamchining dastasi bilan eshikni taqillatdi. Yigitning otasi chiqib odaticha tilla tishlarini ko‘rsatib kuldi-da, yoqimsiz bir mulozamat bilan ichkariga taklif qildi. Rais qulluq qilib tugunni uzatdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:03:23
— Nima bu?
— O‘g‘lingizning mukofoti. Uloqda yutdi.
— O‘zi qani?
— Kelib qolar. Buni dadamga berib qo‘ying, dedi.
— Obbo azamat-e, yutibdi-da, a? Sizning sabog‘ingizni olgan-da. Shu bola ancha pishiq chiqdi, a? Nima deysiz?
Rais bosh irg‘ab tasdiq ishorasini qildi-da, tizginni tortdi. Uyga qaytsa Xosiyat xola Davron bilan ostonada turgan ekan. Holsiz bir ahvolda otdan tushib jilovni xotiniga tutqazdi.
— Ketib qolganingizni sezmabman, — dedi Davron aybona ohangda. — Sayilga qaytarsiz, devdim.
— Ha... bir oz horibman shekilli. Qarilik-da. Tuzuk o‘tdimi ishqilib?
— Ha, dehqonlarning boshi osmonda. Faqat ko‘rinmay qolganingizga ajablanishdi. So‘raganlarga partkom: «Toblari qochibdi», dedi.
— To‘g‘ri aytibdi.
Yigitali akaning suhbatga ra’yi yo‘q edi. Avval partkom, keyin yana bir-ikki yo‘qlovchi kelib ketdi. Raisning ruhiyati, darhaqiqat, bemornikiday edi. Shuning uchun ular uzoq ushlanishmadi. Davron ham uni ko‘p gapga tutmadi. Yotar mahallalari Yigitali akaning ko‘zi ichkarida sandiq ochayotgan xotiniga tushdi.
— Solmay tur. Hosil bayramida asqotadi. Endigisi — so‘nggisi. Aytganingday, qaribman...
Xotin eriga achinish bilan qarab qoldi. Davron «Yutolmaganlari uchun kayfiyatlari yo‘q ekan-da» degan qarorga keldi. Ammo voqeaning mohiyatiga tushunib yetmadi. Tushuna olmasdi ham. Uloqni chetdan kuzatgan odam shu dovyuraklar bellashuvida ham nohaqlik, nayrang bo‘lishini sira o‘ylamaydi.
Saharda Davron Yigitali akaning yo‘talidan uyg‘onib ketdi.
— Ie, uyquning zavoli bo‘ldim-ku, — dedi u xijolat tortib. — Hushingiz kelsa, men bilan yuring. Dala aylanamiz. Yo‘l-yo‘lakay sizbop ish ham topilib qolar.
Peshindan so‘ng Davron barcha qatori terimga safarbar etildi. Rais «Plan to‘lgan kuniyoq beshta hasharchi bilan ish boshlaysiz», deb uning ko‘nglini to‘q qildi. Ish uzoq kuttirmadi. Havo yaxshi kelib majburiyat tez kunda bajarildi. Davronning taklifi bilan kattalar emas, maktabning yuqori sinf o‘quvchilari hasharga navbatma-navbat boradigan bo‘lishdi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:03:32
* * *

Aksiga olib bu yilgi bahor sog‘intirib keldi. Hamal yarimlab qolsa hamki, havoning avzoyi ochilmadi. Kuzakdagi ishlar esa ko‘ngildagiday bo‘lmadi. Davronning yordamchilari — yuqori sinf o‘quvchilari ishlash o‘rniga uni tinimsiz so‘roqqa tutishardi. Ularni har bir narsa — shu yerdan topilgan sopol parchasidan tortib, Afrikadagi ekspeditsiyalarning taqdirigacha qiziqtirardi. Tashqaridan qaragan kishi bu o‘quvchilarning barchasi arxeologiyaga qattiq mehr bog‘lagan, maktabni tugatgach albatta shu sohaga bog‘lanadilar, deyishi mumkin edi. Davron ularga javob qaytarishdan erinmasdi, ishning mo‘ljaldagiday bo‘lmayotganidan ham kuyunmasdi. U bolalar bilan bajonidil suhbat qurar, ularda «arxeologiyaga nisbatan mehr uyg‘otyapman», deb o‘ylar edi.
Davron qish bo‘yi maktabda muallimlik qildi. Tarix o‘rniga ba’zan arxeologiyadan saboq berib, programmadan chetga chiqqani uchun ma’muriyat tanbehini ham eshitdi. O‘quvchilarini safarbar etib, maktabda mo‘’jazgina tarix-arxeologiya muzeyi tashkil etgach, bu tanbehlar yuvilib ketdi.
O‘zi istamagan ko‘ngilsiz safarda yurgan kishi kun o‘tishini sabrsizlik bilan kutgani kabi Davron bahorni benihoya qo‘msardi. Havoning yurishib ketishidan, dalani bosib yotgan tizza bo‘yi qorning erishidan esa darak yo‘q. Avvallari bunday kezlarda u shaharda bo‘lardi. Yoz bo‘yi qilingan ishlarning yakuni fandagi yangiliklar bilan tanishish, turli majlislar, do‘stlar davrasi va shu kabilar bilan ovora bo‘lib qishning o‘tganini sezmas edi. Bu yerda esa... Kunning birinchi yarmi maktabda o‘tadi. Keyin ba’zida idoraga kiradi. Yigitali akani uchratsa, bir oz gurunglashadi. Yo‘qsa choyxonaga kiradi. Har kuni bir xil maromdagi gaplar. Tabiatning mudroq uyqusi odamlar ruhiyatiga ham ta’sir qilgandek. Barcha zerikishdan gap ochadi. Televizorga mixlanib o‘tirish hammaga ham yoqavermaydi.
Mahbubani ko‘p o‘yladi. Shunday kezlarda shaharga ketgisi, erkaktabiat bu ayolni ko‘rgisi kelardi. Mahbuba uning taklifini ochiq bo‘lmasa-da, rad etdi. Shunday ekan, yana uning ortidan soya kabi sudralib yurishga uning hamiyati yo‘l qo‘ymaydi. O‘zi shilqimlikdan yiroq bo‘lgani uchun, ayollarning etagiga yopishib oluvchi erkaklarni jinidan ortiq yomon ko‘radi.
Davron darsini tugatgach, idoraga kiraymi kirmaymi deb oyog‘i tortmay keldi. Hovlida raisning mashinasini ko‘rib «Xayriyat», deb qo‘ydi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:03:40
Yigitali aka divanga yastanganicha gazeta o‘qirdi. Davronni ko‘rib gazetani yig‘ishtirdi-da, yonidan joy ko‘rsatdi. Suhbatlari odatdagidek ob-havodan boshlanib, keyin «har sohadan bir shingil»ga aylandi.
Suhbat endi bir maromga to‘g‘ri bo‘lay deganda kotiba kirib Yigitali akaning gapi og‘zida qoldi.
— Mehmonni bir kishi so‘rayaptilar, — dedi aybdor ohangda.
— Kiravermaydilarmi? — dedi Yigitali aka. Keyin hayron bo‘lgan Davronga qaradi. — Xijolat chekmang, qiladigan ishim ham yo‘q edi.
Ostonada Mahbuba ko‘ringach, Davron nima uchundir Yigitali akadan uyaldi. Yigitali aka Mahbubani tanimas edi. U haqda eshitgan ham emasdi. Shuning uchun avvaliga nima qilishni bilmay qoldi. Yaxshi hamki Mahbuba iymanib o‘tirmay ichkari kirib salom berdi. Yo‘qsa ikki erkak ham talmovsirab turaverardi.
— Darvoqe, partkom meni kutib qolgandir, — Yigitali aka Mahbuba bilan so‘rashgach shunday deb chiqib ketdi.
— O‘tirsam maylimi? — dedi Mahbuba gapga qovushmay turgan Davronga kulib qarab. So‘ng manziratni kutmay o‘tirib sumkasini yoniga qo‘ydi-da, paltosining tugmasini yechdi.
— Mendan xafa bo‘lmang, kutilmaganda oyoq ostidan chiqib qolaman.
— Unday demang. To‘g‘risini aytsam... kutayotgan edim.
— Tushungizga kirdimmi?
— Yo‘q... Nima uchundir ko‘rgim kelayotgandi.
— Nima uchundir?
— Ha... Ba’zan shunday bo‘ladi.
— Shu yerda o‘tiraveramizmi?
— Istasangiz... Yo‘q... Lutfingizni darig‘ tutmay biz g‘aribning kulbasini poyi qadamingiz bilan yorug‘ etsangiz boshimiz osmonga yetardi...
— Durust. Bu yerlarda bekor yurmay, chiroyli so‘zlashni o‘rganibsiz. Bunday chuchmal taklif yoqmasa ham «lutfimni darig‘ tutmayman».
— Sizga tushunish qiyin. O‘zi sizga nima yoqadi-a?
— Ko‘p narsa emas. Ketdikmi? Raisni ishdan qo‘ymaylik.
   
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:03:49
Davron raisni qo‘shni xonadan topib, ketishayotganini, Mahbubaning kim ekanini qisqa qilib aytdi-da, tashqariga chiqdi. Ikkovlari qorli so‘qmoqdan yurib ketdilar. Davron yolg‘iz o‘g‘li shaharga ko‘chib ketgan bir kampirnikida yashayotgan edi. Kampir uyida kamdan-kam bo‘lar, ko‘p vaqti shaharda, o‘g‘linikida o‘tardi. Qish chillasi boshlangandan beri qishloqqa qadam qo‘ygani yo‘q. Mahbuba bundan, albatta bexabar edi. Ko‘cha eshigining qulflog‘lik ekanidan ajablandi. Ammo buni Davronga sezdirmadi.
Uy ichi issiq, saranjom-sarishta edi. Davron yoshligidan ko‘p ishni o‘zi bajarishga ko‘nikkan edi. Onasi daladan horib qaytgan kezlari uy yumushlarini o‘zi qilardi.
Davron kira solib oshga unnadi. Mahbuba yengini shimarib unga ko‘maklashdi.
— D’Artanyan qalay, yaxshi yuribdimi? — deb so‘radi Davron piyoz to‘g‘ray turib.
— Ha, ancha esi kirib qoldi. D’Artanyanni unutib ham qo‘ydi.
— Unutgani yomonmi?
— Mahbuba yelka qisib bir oz jim qoldi.
— Kim biladi, balki yaxshidir. Haqiqiy hayot bilan orzuning mutanosib emasligini vaqtida anglagani durust. Bo‘lmasa umrining oxirigacha adashib yuradi.
— Unda nimaga achinyapsiz? O‘zingiz shunday bo‘lishini istardingiz-ku?
— Ha... lekin... bolaning surur bilan erta xayrlashishi ham to‘g‘ri emas, shekilli.
— Endi «d’Artanyan kelmaydi» deganingizga afsuslanyapsizmi?
Mahbuba Davronga yalt etib qaradi. U kosa tagida nim kosa borligini fahmladi. Shuning uchun o‘zini eshitmaganga soldi. Davron savolni boshqa qaytarmadi. Shundan so‘ng osh pishib, yeb bo‘lgunlaricha ham gaplari uncha qovushmadi. Biriga birining so‘zi ilmoqliday bo‘lib tuyulaverdi.
— Shaharga qachon qaytasiz? — deb so‘radi Mahbuba choy ichib o‘tirishgan paytda.
— Qaytib nima qilaman? — dedi Davron piyolani qo‘yib. U shunday savolni oldindan kutgan, tayin javob ham tayyorlab qo‘ygan edi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:03:57
— Har holda... egilgan boshni qilich kesmaydi.
— «Agar bosh haqiqat oldida egilsa», desangiz to‘g‘riroq bo‘lardi.
— Balki siz uni to‘g‘ri tushunmagandirsiz?
— Nima, men yosh bolamanmi?
— Uning asl maqsadi o‘zingizga ham qorong‘i-ku?
— To‘g‘ri, qorong‘i. Ammo eng muhim bir narsani aniq bilaman.
— Nimani?
— Uning ablah ekanini.
— Isbot?
— Mening bu yerda yurganim kammi?
— Albatta.
— Sizga tushuna olmayapman. Siz o‘sha ablahning advokati emasmisiz?
— Biz do‘stona suhbatlashyapmiz, shekilli? Nimaga asabiylashyapsiz?
— Kechiring, Mahbubaxon, o‘sha esimga tushsa o‘zimni tuta olmay qolyapman.
— Bo‘lmasa bu haqda gaplashmaymiz.
Suhbat boshqa mavzuga ko‘chgani bilan gap aylanib Davronning ishga qaytishi masalasiga taqalaverdi. Rais oqshomda kirib o‘taman, degan edi. Aksiga olib daragi yo‘q. Tezroq kelsa, Davron o‘ziga xos bu «sud jarayonidan» qutular edi. Yigitali aka qorong‘i tushganda ham kelmadi. Mahbuba og‘zini to‘sib, esnog‘ini bir-ikki qaytardi.
— Charchabsiz, dam oling, — dedi Davron o‘rnidan qo‘zg‘alib.
— Siz-chi?
— Men... qishloqqa musofir bo‘lsam ham yaqinlarim ko‘p.
— Shu yer-chi? Uylari ko‘p ekan-ku? Yana xohishingiz...
— Qishloqda gap-so‘z bo‘larmikin...
Mahbuba indamadi. Davron bir oz o‘ylanib turgach, «Yaxshi yotib turing», deb chiqib ketdi.
Birinchi soatda darsi bor edi. Shuning uchun ertalab barvaqt keldi. Mahbuba yo‘lga otlanib turgan edi. Choy ichishga ham unamay yo‘lga chiqdi.
— Shaharga qaytmasligingiz aniqmi? — dedi u xayrlashayotib.
— Ha.
— Agar qishloqqa kelsam, menbop ish topilarmikin?
Davron garangsib qoldi.
— Chindanmi?
— Xat-pat yozib yuborarsiz, xayr.
Davron shundagina Mahbubaning hazillashmayotganini fahmladi. Fahmladi-yu, birovnikiga borib yotganidan afsuslandi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:04:07
* * *

Kunlar isib, yerning nami bir qadar tortilib chigit ekishga taxt etilgach, kolxozda to‘y boshlandi. Yigitali aka endi to‘yni ochaman, deb turganida kotiba qiz telefon qilib raykomga tezda yetib borishi zarurligini aytdi. Rais asabiy bir holda jo‘nab ketib, peshinda qaytdi. Bir-ikki kishi «tinchlikmi?» deb so‘raganda rais qo‘l siltab qo‘ya qoldi. Shundan so‘ng unga hech kim gap qotmadi. Davron ham raisga qarab-qarab qo‘ydi-yu, biron nima deyishga botinmadi. To‘y tarqagach, rais Davronni yoniga chaqirdi.
— Eshikka yuring, gap bor, — deb uyga boshladi.
Rais lo‘labolishga suyanib gapni nimadan boshlashni bilmay turganda, Davronning o‘zi joniga ora kirdi.
— Tinchlikmi, Yigitali aka?
— Tinchlik emas-da... Rahbaringiz raykomga xat yuboribdi.
— Meni bulg‘ab yozishibdimi?
— Yo‘q... Sal bo‘lmasa meni jinoyatchiga chiqarib qo‘yishibdi. Bu gap kuzakda boshlangan edi. Militsiyaga chaqirib ogohlantirishgan edi. Men kayfiyatingizni buzmay deb, indamasdan qo‘ya qolgandim. Endi ish jiddiylashibdi. Nima qilishga hayronman. Ikki o‘t orasida ilojsizman. Sizga qanchalik qayishishimni bilasiz.
Davron piyolaning chetidagi zar hoshiyaga tikilganicha boshini xam qilib indamay o‘tiraverdi.
— Nimaga jimib qoldingiz, biron nima desangiz-chi?
— Masala hal etilibdi, Yigitali aka. Men ishning shunga borib taqalashini bilar edim. Ammo bunchalik tez bo‘lar, deb o‘ylamovdim... Otamdan ko‘rmagan yaxshilikni sizdan ko‘rdim.
— Be, bu gaplarni qo‘ying.
— Yurakda borini aytyapman. Yaxshilik qilib daryoga sol, degan ekanlar. Agar yaxshiligingizni qaytarsam...
— Menga qarang, shu topda xayrlashmoqchimisiz? Keling, boshqa narsalar haqida gaplashaylik.
Har ikki suhbatdoshning dili xufton bo‘lib turganda gapiga gap qovushar ekanmi? Bunday paytda vaqt sekin o‘tayotganday, qorong‘ilik chor-atrofni tongga qadar emas, abadiy qamrab olganday tuyuladi. Ularda charchaganlikni bahona qilib yotishdan bo‘lak chora qolmadi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:04:19
* * *

Davronning ketishiga yo‘l qo‘yishmadi. O‘quv yili tugaguncha qolishga majbur bo‘ldi. Davron bu zaylda ishni davom ettira olmasligini anglagach, institutga qaytishga, kerak bo‘lsa akademiya rahbarlariga uchrashishga, kurashdan bo‘yin tovlamay, fikrini, farazlarining to‘g‘riligini isbotlashga ahd qildi. Mahbuba ketar mahali qishloqqa kelish istagini ma’lum qilgan edi. Yana qarori qat’iylashmasin, deb «shaharga qaytmoqchiman», degan mazmunda xat yubordi. Oradan to‘rt kun o‘tmay «Xayriyat d’Artanyan bor ekan», degan telegramma oldi. Mahbuba bu telegrammasi bilan unga qo‘sh qanot baxsh etdi. U endi kunlarning tezroq o‘tishiga orzumand edi. Kunlar esa aksiga olganday imillab o‘tardi. Imtihonlarga tayyorgarlik qizigan chog‘da Niyoz boshchiligidagi ekspeditsiyaning ish boshlaganini eshitib hayratdan dong qotdi. «Niyoz boshchiligida! Ekspeditsiya kelishiga amin edim, ammo bu oliftaning rahbar bo‘lishi tushimga ham kirmabdi, — deb o‘yladi u. — Niyoz nima uchun bu ishga qo‘l urdi? To‘g‘rirog‘i, nima uchun tog‘a jiyanini bu ishga jalb etdi? Kechagina umidsiz, kelajaksiz ish, deb ikki oyoqni bir etikka tiqayotgan edi-ku? Demak, dotsent Bekmirzaevning taxminlariga o‘zi ham ishonar ekan-da?!»
Davron kalavaning uchini topganday bo‘lib benihoya bo‘g‘ildi. Shu zahoti borib Niyozning yoqasidan olmoqchi, institutga xat ham yozib yubormoqchi bo‘ldi. Keyin har bir harakatining shuhratparastlikka yo‘yilajagini anglab, «Shularning oldida past kelamanmi», deb o‘zini bosdi. Qazilayotgan yerlarga yaqin bormaslikka ahd qildi. Ammo qarorida tura olmadi. Hafta o‘tmay, beixtiyor «Niyoz rahbarligida» ishlayotgan arxeologlar tomonga qarab ketdi.
Pastda ivirsib yurgan besh-olti odam orasida Niyoz ko‘rinmadi. Yarim yalang‘och bo‘lib olgan yigitlarning ikkitasi sigaret tutatib gurung qilar, qolganlari hafsalasizlik bilan yer qirtishlardi. Davron ularning harakatini ko‘rib g‘ijindi. Chodir tomonga yo‘naldi. Niyoz chodirning soya tomonidagi yig‘ma karavotda uxlab yotgan edi. Davron unga bir oz qarab turdi-da, orqasiga qaytmoqchi bo‘ldi. Shu topda Niyoz ko‘zini ochdi. Avval hayron bo‘lganday ko‘zlarini pirpiratdi. Keyin irg‘ib o‘rnidan turdi-da, quchoq ochib borib Davron bilan ko‘rishdi.
— Qaysi shamol uchirdi? Dom-daraksiz ketding-ku? Shunaqa ham bo‘ladimi? Uyingga uch-to‘rt bordim. Eshiging taqa-taq berk.
— Buni qara-ya, ancha urinibsan-da, a?
— Xafa bo‘lishingni bilardim. Lekin menda ayb yo‘q. Rostdan ham seni ishga chaqirib bu yerga yuborishmoqchi edi. Lekin noilojlikdan... Bunaqa ishlarga toqatim yo‘qligini bilasan-ku...
— Meni chindan qidirdilaringmi?
— Ie, seni aldagan yerim bormidi?
— Mana, men topildim.
— Ayni muddao!
— Endi nima qilamiz?
— Tushunmadim?
— Joyingni bo‘shatib ber.
— Hazillashyapsanmi?
— Yo‘q.
— Marhamat... Men jon-jon deyman... Lekin...
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:04:29
— Unda ekspeditsiyangga oddiy ishchi qilib ola qol.
— Qo‘ysang-chi, seni jizzaki deb yursam, hazilni ham bilar ekansan-a?
— Hazillashayotganim yo‘q.
— Chindanmi... Bari bir ilojim yo‘q. Ekspeditsiya asosan amaliyotchi talabalardan tashkil topgan. Yollanma ishchilar uchun mablag‘ ajratilmagan.
— Mana bu o‘g‘ilbola gap bo‘ldi! Yo‘q gaplarni yamab-chatib chaynalmay, to‘g‘rilikcha salom-alik qilavermaysanmi? Ha... ish so‘rab keldi, deb o‘yladingmi? Yo‘q, men tiz cho‘kadigan toifadan emasman. Go‘l ham emasman. Nayrang nima, samimiyat nimaligini ajrata olaman, shuni unutma.
— Biz sira do‘stlasha olmas ekanmiz.
— Do‘stlashish uchun pokiza niyat kerak. Senda niyat tugul, pokiza biron narsa ham yo‘q.
— Haddingdan oshma, indamas ekan, deb... Tilingni qisqa qilib qo‘yishim mumkin.
— Shundan boshqa narsa qo‘lingdan kelmaydi.
— Qani, kelgan joyingga qarab tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi.
Davron Niyozning lablarida titroq paydo bo‘lganini ko‘rib kuldi-da, orqasiga burilib keta boshladi.
— To‘xta, — dedi Niyoz unga yetib olib. — Nimaga kulyapsan?
— O‘zim, kulgim keldi.
— Agar xafa bo‘lishni istamasang, ikkinchi bu yerga qadam bosma.
— Men bu yerlarda sayr qilishga odatlanganman. Tarki odat amri mahol, deydigan gaplar bor.
Niyoz tishlarini bir g‘ijirlatdi-yu, orqasiga qaytdi. Uning g‘azablanishi Davronga xush yoqdi. Chunki bu odam uncha-buncha narsaga asabiylashmaydi. Davronni o‘ziga g‘anim deb biladi. Chunki uning butun umidi, kelajagi shu qazilmada. Niyoz mana shu ish bilan sharaf tojini kiymoqchi. Davron esa (Niyozning nazarida) sherikchilikka da’vo qilyapti. Ular begunohlik niqobini tanlaganlar, hatto ekspeditsiyaga yollanma ishchilar uchun mablag‘ ajratilmabdi. Lekin odam hamisha niqobda yura olmaydi-ku! Qachondir uning asl basharasi ko‘rinadi-ku!
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:04:37
Davron bu yerga har kuni keladigan bo‘ldi. Talabalar dotsent Bekmirzaevning ham, uning nomini ham eshitishgan edi. Shuning uchun tezda til topishishdi. Niyoz Davronni ko‘rsa teskari qarab o‘zini ko‘rmaganga olardi. Davron ham unga e’tibor bermay talabalar bilan ishlayverdi.
Kunlar shu zaylda o‘taverdi. Niyozning yuragi siqilib har xil bahonalar bilan shaharga tez-tez tusha boshladi. Maktabdagi so‘nggi imtihon tugagan kuni ham u shaharda edi. Talabalar Niyoz yo‘q paytda Davron bilan yayrab ishlashardi. Davron «rahbar»ning yo‘qligini ularning xushchaqchaqligidan sezdi. Ular bir oz gurunglashib turdilar-da, ishga tutindilar.
Quyosh mashriq belidan oshib o‘tib, odam lohas bo‘la boshladi. Davronning ham qo‘li ishga bormay yotgisi keldi. Lekin shu payt qulog‘i shang‘illab, hushtak ovozi eshitildi-yu, sergak tortdi. Ko‘pdan beri sharpa uni bezovta qilmay qo‘ygandi. Avvallari faqat tunda ko‘zga ko‘ringan edi. Endi kunduzi ham ro‘para bo‘lmoqchi. Hushtak ovozi shundan dalolat. Hushtakdan so‘ng eshikning g‘ijirlashiga o‘xshagan ovoz eshitilardi. Yo‘q, bu safar hushtak tindi-yu, atrof jimib qoldi. Yassibosh odam ham ko‘rinmadi. Davron hayron qolib bu sirli ovozlarning takrorlanishini kutdi. Ovozlar qaytarilmadi. Shundan so‘ng u kichkina kurakchani qo‘lga olib ishni davom ettirdi. Kavlagan tuprog‘i bir zambil bo‘lganda qulog‘i yana shang‘illadi. Hushtak chalindi. Keyin eshikning g‘ijirlashiga o‘xshagan ovoz... Davron yon-atrofiga alangladi, jimjitlik. Quyosh charaqlab turibdi. Sharpa yo‘q. Sirli ovozlar ham tingan. U yana ishga tutindi. Kurakchani uchinchi karra yerga botirganda qattiq narsaga tegdi. Davron tuproqni ehtiyotlik bilan torta boshladi. Qattiq narsani avvaliga tosh deb o‘yladi. Uning sirtini tozalagach, tillarang temirni ko‘rib lol qoldi. Do‘nglik ortida ishlayotgan yigitlarni chaqirish xayoliga kelmay atrofini tuproqdan tozalay boshladi. Temir ancha katta edi. Uni batamom ochguncha Davron terga pishdi. U dunyodagi barcha narsani unutib ishlardi. Oddiy temir emas, balki tillarang odam haykali ochilgani sayin Davron tobora shoshilardi. U qulog‘i shang‘illaganiga, hushtak chalinganiga ham, tushlik ovqatga taklif qilgani kelib hayrat bilan tikilib turgan yigitlarga ham e’tibor bermadi. Haykal sirti tuproqdan holi bo‘lgach, u bir necha daqiqa harakatsiz qoldi. Hushtak ovozi eshitilishi bilan quloqlarini qo‘llari bilan mahkam berkitdi. «Demak, bejiz emas ekan, sharpa meni bekorga ta’qib etmabdi!» U haykalga tikilganicha to‘xtovsiz shunday deb pichirlar, yigitlar esa nima qilishini bilmay qarab turardilar. Davron shu ahvolda uzoq o‘tirdi. Ko‘z oldiga uch barmoqli yassibosh odamlar keldi. Vujudi titradi.
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:04:57
Yigitlarning biri Davronning qaltiray boshlaganini sezib unga yaqinlashdi-da, yelkasidan asta ushladi. Davron cho‘chib orqasiga qaradi. Xuddi tanimayotganday, endi ko‘rib turganday tikildi.
— Topildi.. — dedi pichirlab. So‘ng asta o‘rnidan turdi.
— Topildi!
U shunday deb yigitni mahkam quchoqladi. Kipriklarida qalqigan yoshni tutib turolmadi...
Tushlik qilish xayollaridan ko‘tarildi. Quyoshning o‘tli nafasini ham, tashnalikni ham unutib ishladilar. Kechagacha tilla rangli haykallarning oltitasini kavlab oldilar. Haykallarning hammasi bir yerda — ikkitasi tik, qolgan to‘rttasi yotiq holda edi.
Qorong‘i tushgach, ishni to‘xtatishga majbur bo‘ldilar. Davron Niyozning qaytishini kutdi. Undan darak bo‘lavermagach, institutga xabar yuborish uchun kolxoz markaziga yo‘l oldi.

X o t i m a

Yozyovondan topilgan tilla haykallar siri o‘rganilguncha yillar o‘tdi. Bu orada Yerdagi sezgir asboblar noma’lum sayyoradan uzatilayotgan to‘lqinlarni qabul qildi. Yerdan turib olib borilgan spektral tahlil Somon yo‘lidagi kichik bir sayyora atmosferasida suv bug‘i borligini aniqladi. Oradan yana yillar o‘tgach, yerliklar o‘z vakillarini Somon yo‘li sari uzatdilar...

1978 yil.
T A M O M
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: shoir 01 Sentyabr 2006, 05:09:20
MUNDARIJA

Muqaddima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13793#msg13793)
Vakil (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13799#msg13799)
Qaltis hazilmi?..  (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13808#msg13808)
Burgaga achchiq qilib...  (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13823#msg13823)
Uloq (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13837#msg13837)
Xotima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.msg13854#msg13854)
Nom: Re: Davron (qissa). Tohir Malik
Yuborildi: AbdulAziz 21 Noyabr 2009, 11:24:15
Davron (qissa). Tohir Malik

(http://www.ziyouz.com/images/books/davron.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=41)

Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 216 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=41)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=627.0)