Hijob haqida qonun bormi?
O’zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunining 14-moddasi 5-bandida shunday norma belgilangan:
“O’zbekison Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo’l qo’yilmaydi”.
Xuddi shu qoida O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 184-1-moddasida ham o’z aksini topgan:
“O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari – eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarichaga miqdorda jarima solishga yoki o’n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo’ladi”.
Yuqoridagi qonun normalaridan ma’lum bo’ladiki, O’zbekiston Respublikasida fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari taqiqlanadi va bu harakat tegishli javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Bu moddalarda tilga olingan ibodat libosi nima? Unga hijob ham kiradimi? Buni qayerdan bilamiz? Agar hijob shu moddada taqiqlangan ibodat liboslari qatoriga kirsa, bu vijdon erkinligi prinsipiga zidmi yoki buni asoslaydigan boshqa qonun normalari bormi? Quyida shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.
O’zbekiston Respublikasi Davlat Konstitutsiyasida fuqarolarning din va vijdon erkinligi to’la ta’minlangan[1]. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 3-moddasida ham:
“Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.
Fuqaro o’zining dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod etmaslikka, ibodat qilishga, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta’lim olishga o’z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo’l qo’yilmaydi”, deya ushbu konstitutsiyaviy prinsip yana bir bor mustahkamlangan. O’zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida ham diniy asoslarga ko’ra ajratish, kamsitish va haq-huquqlarni cheklash mumkin emasligi qat’iy belgilab qo’yilgan.
Hijob musulmon ayollarning nomahram erkaklar huzurida doimo kiyishi lozim bo’lgan libosdir[2]. U faqat ibodat payti kiyiladigan kiyim bo’lmay, musulmon ayol uchun diniy amallarning ajralmas bir qismi hisoblanadi. Uni kiymasa ham bo’laveradi deyish Islomdan chiqaradigan darajadagi kufr amaldir[3]. Shunday ekan, hijobga taqiq qo’yish dinga erkin e’tiqod qilish huquqini cheklash bo’lib, konstitutsiyaviy prinsiplarga zid hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 5-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasida normativ hujjatlar yuridik kuchi jihatidan quyidagi darajalarga bo’linadi:
a) O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
b) O’zbekiston Respublikasining qonunlari;
c) O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
d) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari;
e) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
f) Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarining hujjatlari;
g) Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
O’zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 7-moddasiga asosan Respublikada Konstitutsiya va qonunlar ustun mavqega ega:
“O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O’zbekiston Respublikasining butun hududida qo’llaniladi.
O’zbekiston Respublikasida qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda normalari va prinsiplariga zid kelishi mumkin emas”.
Shu qonunning 14-moddasiga ko’ra, turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning vakolatiga va maqomiga, shuningdek, hujjatlarning turlariga muvofiq belgilanadi:
“Normativ-huquqiy hujjat o’ziga qaraganda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo’lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo’lishi shart.
Normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga to’g’ri kelmagan hollarda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjat qo’llaniladi.
Teng yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga to’g’ri kelmagan hollarda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlik, davlat qo’mitasi yoki idorasining ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini tartibga solish uchun maxsus vakolati bo’lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil darajadagi boshqa vazirlik, davlat qo’mitasi yoki idorasining normativ-huquqiy hujjatiga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo’ladi”.
Demak, o’quv yurtlari nizomlarida yoki korxona va idoralar ichki tartib-qoidalarida hijob o’rashni taqiqlovchi normalarning qabul qilinishi vijdon erkinligi to’g’risidagi konstitutsiyaviy huquqni poymol etishi bois noqonuniy hisoblanadi. Ushbu o’quv muassasalari yoki idora-tashkilotlar shunday ichki qoidalar asosida musulmon ayollarning hijob o’rashiga qarshi harakatlaridan to’xtamasa, buzilgan haq-huquqlarni tiklashni va ushbu qoidalarni noqonuniy deb topishni so’rab sudga murojaat etish kerak bo’ladi. (Sudga murojaat qilish tartibi haqida bu yerda: “Maktab ichki nizomlarida hijobga taqiq qo’yish qonuniymi?” (http://www.adolat.net/maktab-ichki-nizomlarida-hijobga-taqiq-qoyish-qonuniymi/) o’qing.)
Qonunni kim sharhlaydi?
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning yoki Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksning diniy liboslarni jamoat joylarida taqiqlovchi bandlarini qanday tushunish kerak? Ular din va e’tiqod erkinligini poymol etuvchi, konstitutsiyaga zid moddalarmi?
Muammo shundaki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunda yoki jamoat joylarida ibodat libosini taqiqlovchi modda kelgan Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksda nima ibodat libosi bo’lishi mumkinligi haqida hech qanday tushuntirish berilmagan. Boshqa biror qonunchilik hujjatida ham diniy libosga ta’rif berilmagan yoki hijob diniy libos hisoblanishi haqida hech qanday gap yo’q. Shuning uchun hijob taqiqlangan diniy liboslar ro’yxatiga kiradimi yoki yo’qmi, yuridik jihatdan bunga hozir aniq javob ayta olmaymiz. Shu bilan birga, ibodat liboslari qatoriga hijob kiradi deyishga ham hech qanday yuridik asos yo’q.
Yuridik terminlar noaniq bo’lgan holatlarda, ularga rasmiy sharh berish kerak bo’ladi. Huquq normalarini sharhlash masalasi – huquqning mazmunini ochish, tushuntirish va huquqiy hujjatlar yuridik mohiyatini yortishga qaratilgan faoliyatdir.
Huquq normalarini sharhlash ularni qo’llaydigan sub’yektiga qarab ikki guruhga: rasmiy va norasmiy sharhlashga bo’linadi.
Rasmiy sharhlash vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu sharh barcha sub’yektlar uchun majburiy kuchga ega bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasida huquqiy normalarni sharhlash bilan o’z vakolati doirasida quyidagi davlat organlari shug’ullanadi: O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezident, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo’mitalari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va Vazirlar Kengesi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 3-qismiga asosan, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Konstitutsiya va qonun normalarini yuridik kuchiga qarab sharhlaydigan yagona organdir. Bu sharhlash rasmiy normativ bo’lib, uni qabul qilish barcha davlat organlari, korxonalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Sud organlarining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va boshqa ishlarni ko’rayotganda tegishli huquqiy normalarni sharhlashi kazual sharhlash deyiladi. Sudning har bir fuqarolik ishi bo’yicha chiqargan qarori yoki jinoiy ishlar bo’yicha chiqargan hukmi huquqiy normani kazual sharhlash asosida amalga oshadi. Bu norasmiy sharhlash hisoblanadi. Sudning sharhlashidan va natijada qabul qilingan qarordan norozi bo’lgan taraf yuqori turuvchi instansiyaga shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi “Sudlar to’g’risida”gi qonunining 16-moddasi 4-bandiga asosan, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sud amaliyotini umumlashtirib ko’rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo’llash masalalari bo’yicha sharh beradi.
Huquq normalarini norasmiy sharhlashga, shuningdek, ilmiy sharhlash kiradi. Tatbiq etilayotgan huquqiy normalarni ilmiy sharhlash ilmiy xodimlar, olimlar, jamoat va davlat arboblari tomonidan darsliklarda, ma’ruzalarda, kitoblarda va ilmiy maqolalarda amalga oshirilishi mumkin.
Norasmiy ilmiy sharhlash natijalari davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxona, muassasa, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo’lmasa-da, huquqiy normalarning mazmunini sharhlashda ular rasmiy sharhlash vakolatiga ega organlarga ta’sir o’tkazishi mumkin. Bu sharhlash huquqiy normalarni amaliyot bilan bog’lab, kishilarning huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini rivojlantirishda muhim rol o’ynaydi. Norasmiy sharhlash qonunlarni takomillashtirishga, huquqni muhofaza etuvchi organlar faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.
O’zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 31-moddasida sharhlash haqida shunday deyiladi:
“Normativ-huquqiy hujjatlarni sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilganda, u amaliyotda noto’g’ri yoki mantiqqa zid tarzda qo’llanilgan hollarda amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq qonunlarning normalariga O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sharh beradi.
Qonunosti hujjatlariga ularni qabul qilgan organlar rasmiy sharh beradi.
Sharhlash jarayonida normativ-huquqiy hujjatlarga tuzatishlar, qo’shimchalar va aniqlashtiruvchi normalar kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi”.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Sudi qonunlarni sharhlash bo’yicha eng oliy davlat organi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining “Konstitutsiyaviy sud to’g’risida”gi qonunining 1-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Sudining sharhlash funksiyasi quyidagi tarzda amalga oshadi:
“O’zbekiston Respbulikasining Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko’radigan sud hokimiyati organi hisoblanadi;
O’zbekiston Respublikasi qonunlarining va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O’zbekisotn Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi;
Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog’iston Respublikasining qonunlari O’zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to’g’risida xulosa beradi;
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining normalariga sharh beradi;
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan o’zining vakolatlari doirasiga kiritilgan boshqa ishlarni ko’rib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sud faqat O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi”.
O’zbekiston Respublikasi ‘‘Konstitutsiyaviy sudi to’g'risida”gi qonunga binoan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O’zbekistion Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, Oliy Majlis Senatining raisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to’rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi, Oliy Majlis Senati a’zolari umumiy sonining kamida to’rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xo’jalik sudining raisi va Bosh prokuror Konstitutsiyaviy sudga ko’rib chiqish uchun masalalarni kiritish huquqiga ega. Masala Konstitutsiyaviy sudning kamida uch sudyasi tashabbusi bilan ham kiritilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudga masalalarni ko’rib chiqish uchun fuqarolar, nodavlat tashkilotlar, muassasa va idoralar to’g'ridan-to’g'ri murojaat qila olmaydi. Shunga qaramasdan, fuqarolar, nodavlat va notijorat tashkilotlar va boshqa Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo’lmagan yuridik va jismoniy shaxslar Konstitutsiyaviy sudga bilvosita, ya’ni Bosh prokurorga qonunlardagi noaniq atamalarga sharh berish taklifi bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishini so’rab, amaliyotda sodir bo’layotgan qonunga zid holatlar va tushunmovchiliklarni asoslantirgan holda ariza yozib murojaat etishlari mumkin. O’zbekiston Respublikasi ‘‘Fuqarolarning murojaatlari to’g'risida”gi qonunning 7 va 11-moddalari qoidalariga muvofiq, Bosh prokuror ariza kelib tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida arizadagi masalani mohiyatan hal etishi, qo’shimcha o’rganishlar va tekshirishlar talab qilmaydigan masalalarni esa 15 kundan kechiktirmay hal etishi va arizalarni ko’rib chiqish natijalari to’g'risida fuqarolarga ma’lum qilishi hamda arizada bayon etilgan talablarni qondirish rad etilganda, fuqarolarga rad etishning sabablari ko’rsatilgan holda yozma tarzda ma’lumot berishi shart.
Bosh prokurorga yo’llanishi nazarda tutilgan arizani fuqarolar o’zlari saylagan deputatlar va senatorlarga ham yuborib, amaliyotdagi qonunga zid holatlar va tushunmovchiliklardan ularni asoslantirilgan holatda yetarli xabardor qilsalar va ushbu deputatlar va senatorlar soni Parlamentdagi jami deputatlar yoki jami senatorlarning to’rtdan bir qismiga teng bo’lsa, unda deputatlar guruhi yoki senatorlar guruhi ham fuqarolarning qilgan murojaatlariga asoslangan holda Konstitutsiyaviy sudga tegishli qonunlardagi atamalarga sharh berish taklifi bilan chiqishlari mumkin.
Konstitutsiyaviy sud ustidan shikoyat qilish mumkinmi?
Agar Konstitutsiyaviy sud hijobni ibodat libosi qatoriga kiritib, jamoat joylarida hijob bilan yurishni noqonuniy deb topsa va buni Konstitutsiyadagi vijdon erkinligi huquqiga zid emas deb talqin etsachi? Unda nima qilish kerak?
Konstitutsiyaviy sud O’zbekiston Respublikasida eng oliy instansiya, eng so’nggi shikoyat bilan murojaat qilinadigan joydir. ”Konstitutsiyaviy sud to’g'risida”gi qonunning 27-moddasiga ko’ra, Konstitutsiyaviy sudning to’xtami qat’iy va uning ustidan shikoyat qilishga o’rin yo’q. Ya’ni, Konstitutsiyaviy sud qaroriga amal qilish barcha davlat idoralari va fuqarolar uchun majburiydir. Demak, Konstitutsiyaviy sud jamoat joylarida hijob bilan yurishga qo’yilgan taqiqni to’g’ri deb topsa, O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra, fuqarolarda bunga bo’ysunishdan boshqa chora qolmaydi. Ammo haq-huquqni talab etish harakati bu yerda ham to’xtamaydi.
Yuridik kuchi milliy yurisdiksiyadan ham yuqori turuvchi yana bir instansiya mavjud. Bu xalqaro tashkilotlar yurisdiksiyasi. O’zbekiston Respublikasi qo’shilgan va shartlariga amal qilish majburiyatini olgan bir necha xalqaro tashkilot va normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.
O’zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotinning to’laqonli a’zosi hisoblanadi va BMT tarkibida qabul qilingan ko’plab xalqaro hujjatlarga imzo chekib, ularning milliy qonunchilikdan ustun turishini tan oladi. O’zbekiston Respublikasi Davlat Konstitutsiyasi Muqaddimasida xalqaro huquqning umum e‘tirof etilgan qoidalari ustun ekanligi tan olingan.
Biz ko’rayotgan mavzuga aloqador Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risida Xalqaro Paktga biroz to’xtalib o’tsak.
Ushbu hujjatning 18-moddasida e’tiqod erkinligi to’la ta’minlangan:
“Har kim din, e’tiqod va fikr erkinligiga ega. Ushbu huquq o’zi istagan dinni qabul qilish yoki unga amal qilish hamda mustaqil yoki boshqalar bilan birgalikda jamoat joyida yoki xoli qolganda o’z diniga amal qilish, ibodat qilish yoki dinini o’rgatish erkinligini o’z ichiga oladi”.
O’zbekiston 1995-yil bu Paktga qo’shilgan hamda shu yili Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi Xalqaro Paktga Qo’shimcha Protokolga imzo chekkan. Bu bilan u ushbu shartnoma doirasidagi barcha shartlarga amal qilish majburiyatini olgan.
Ushbu Pakt unga qo’shilgan davlatlar uchun majburiy xarakterga ega bo’lib, a’zo davlatlar ustidan tushadigan shikoyatlarni o’rganish uchun Qo’shimcha Protokol asosida maxsus Inson Huquqlari Qo’mitasi tuzilgan. Ushbu Qo’mitaga oddiy fuqarolar ham shikoyat bilan murojaat etishlari mumkin. Agar Qo’mita davlat organlari tomonidan Xalqaro Paktda ta’minlangan inson huquqlari poymol etilgan deb topsa, ushbu davlatga huquqlarni qayta tiklashni so’rab talabnoma jo’natadi. Davlat ushbu qaror talablarini ijro etib, 90 kun ichida Inson Huquqlari Qo’mitasiga yozma javob qaytarishi kerak.
Xudoyberganova O’zbekistonga qarshi
Shu o’rinda O’zbekiston Respublikasi fuqarosi Rayhon Xudoyberganovaning O’zbekistonda haq-huquqlari poymol etilishi yuzasidan Inson Huquqlari Qo’mitasiga qilgan shikoyatini ko’rib chiqish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Qo’mita qarorida keltirilgan ma’lumotga ko’ra, Rayhon Xudoyberganova hijob o’raganligi bois Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti talabalari safidan chetlashtiriladi[4]. U shikoyat bilan Toshkent shahar Mirobod tuman sudiga murojaat etadi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar bo’yicha qo’mita raisi Islomda maxsus ibodat libosi yo’q, deb sharh beradi. Sud Rayhon Xudoyberganovaning shikoyatini qanoatlantirmaydi. Ikkinchi instansiya sifatida Toshkent shahar sudi ham Mirobod tuman sudi qarorini o’z kuchida qoldiradi. Natijada Rayhon Xudoyberganova Oliy Sudga murojaat etadi. Oliy Sud quyi sud qarorini bekor qilish haqidagi shikoyatni yetarli darajada asosli emas, deb topadi.
O’zbekistonda barcha instansiyalardan foydalanib bo’lgach, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi Xalqaro Paktga Qo’shimcha Protokol bandlari asosida Rayhon Xudoyberganova Inson huquqlari Qo’mitasiga shikoyat bilan murojaat etadi. 2004-yil ishni o’rganib chiqqan Qo’mita Rayhon Xudoyberganovaning diniy e’tiqodiga ko’ra hijob o’raganligi bois o’qishdan chetlatilishi oqibatida O’zbekistonda inson huquqlari poymol etilgan, deya qaror qabul qiladi.
Inson Huquqlari Qo’mitasi O’zbekiston davlatiga Rayhon Xudoyberganovaning da’volarini Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g'risidagi Xalqaro Paktning 2-moddasi a-bandiga muvofiq samarali ravishda qondirishni hamda kelajakda bunday huquq buzilishlarining oldini olish uchun choralar ko’rish majburiyatini yuklaydi.
Xulosa
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida din va e’tiqod erkinligi to’la ta’minlangan. Agar o’quv muassasalari va boshqa idora-tashkiltolar ichki nizomlarida hijob kiyishni taqiqlovchi bandlar bo’lsa, ular din va vijdon erkinligiga zid bo’lgani bois noqonuniydir va ular ustidan shikoyat bilan tegishli joylarga murojaat etish lozim.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 14-moddasi 5-bandida yoki Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 184-1-moddasida ibodat libosinning taqiqlanishi bu hijobga taqiq degani emas. Agar shu qonunlar ro’kach qilingan holda hijobga qarshilik qilinadigan bo’lsa, belgilangan tartibda sudga yoki boshqa tegishli idoralarga murojaat etish lozim. Sud hijob kiyishni taqiqlovchi normalarni o’z kuchida qoldiruvchi qaror qabul qilsa yoki hijobni ibodat libosi deya talqin etsa, bu qaror diniy erkinlikni ta’minlovchi konstitutsiyaviy prinsipga zid ekanligini ko’rsatib yuqori turuvchi sud instansiyalariga murojaat etish lozim. Shuningdek, arizachi yuqoridagi bo’limlarda tushuntirilgan tartibda Bosh Prokurorga yoki Qonun chiqaruvchi organ deputatlari va senatorlariga diniy libos to’g’risidagi qonun normasini sharhlashni Konstitutsiyaviy sudga kiritishini so’rab murojaat etishlari mumkin.
Diniy e’tiqodi bois ayollarning hijob kiyishini taqiqlash, avvalo, Konstitutsiyaga zid bo’lgani uchun, qolaversa, xalqaro huquq normalarini qo’pol tarzda buzishi sababli, O’zbekiston Respublikasining yuqori instansiya sudlari, xususan, Oliy Sud yoki qonunlarni sharhlash bo’yicha eng oliy organ – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bunday noqonuniy huquq normalarining O’zbekiston qonunchiligiga kirib kelishiga yo’l qo’ymaydi, deb ishonamiz.
BOLALARNING MASJIDGA BORISHI NOQONUNIYMI?
Savolingiz: Masjidlarga yosh bolalarni kiritishmayapti. Maktab payti o’qishdan chalg’itadi, deyishlarini tushunsa bo’ladi, ammo maktabdan so’ng yoki ta’til vaqtlarida ham masjidlarga militsiya xodimlari tomonidan kiritilishiga to’sqinlik bo’layapti. Yosh bolalarning masjidlarga borishini taqiqlaydigan qonunlar bormi?
Javob:
Voyaga yetmaganlar ham vijdon erkinligi huquqiga ega
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga ko’ra, fuqaroning muomala layoqati u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi. Demak, voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to’lmaganlar nazarda tutiladi. Yosh bolalar ham voyaga yetmaganlar tarkibiga kiradi. Voyaga yetmagan shaxsning fiziologik, psixologik jihatlarini e’tiborga olgan holda, ularning ayrim huquqlarini amalga oshirishlari cheklanishi mumkin. Chunki 18 yoshgacha bo’lgan o’smirlarda tashqi ta’sirga tez beriluvchanlik hamda psixologiyasida turli o’zgarishlar sodir bo’lish hollari kuzatiladi. Odatda, bu yoshdagi o’smirlarninig ayrim huquqlari va qonuniy manfaatlarini ularning ota-onalari, yoki ota-ona o’rnini bosuvchi boshqa shaxslar, agar voyaga yetmagan shaxsga vasiy yoki homiy tayinlangan bo’lsa, ular amalga oshiradi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi voyaga yetmagan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tegishli bo’lgan ikki moddaga ega. Konstitutsiyaning 45-moddasiga ko’ra, “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg’iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” va 64-moddaning birinchi qismiga ko’ra, “Ota-onalar o’z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”.
Voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini belgilovchi maxsus qonun “Bola huquqlari kafolatlari to’g’risida”gi qonun bo’lib, ushbu qonundan berilgan savolga tegishli bo’lgan ayrim moddalarni keltirimiz.
Jumladan, mazkur qonunning 7-moddasi “Bola huquqlarining qonuniy kafolatlari” deb nomlanadi. Ushbu moddaning 4-qismida “Bola huquqlarini cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno”, deyilgan. Shuningdek, ushbu qonunning 17-moddasi “Bolaning fikrlash, so’z, vijdon va e’tiqod erkinligi” deb nomlanadi. Mazkur moddada “Bola fikrlash, so’z, vijdon va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Bolaning fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin”, deb yoziladi.
Bolaning masjidga borishi vijdon va e’toqod erkinligi hisoblanib, demak, buni qonun yo’li bilan cheklash mumkin emas. Moddada bolaning faqat fikr yuritish va uni ifodalash huquqi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkinligi aytilgan. Demak, qonun to’g’ridan to’g’ri bolaning fikr yuritish va uni ifodalash huquqini cheklash haqida qoida belgilagan bo’lsagina, bunday cheklashga yo’l qo’yiladi. Masjidga yoki boshqa ibodatxonalarga borish bolaning fikr yuritish va uni fiodalash huquqiga emas, balki vijdon erkinligi huquqi doirasiga kiradi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-sentyabrdagi “Voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi qarorida, voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqiy tarbiyaviy ishlar susaytirib yuborilganligi, ular ustidan bo’lgan nazoratning bo’shligi, ish bilan ta’minlash va boshqa muammolar qoniqarli darajada hal etilmayotganligi oqibatida ko’plab yoshlar tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etish, giyohvandlik va ichkilikbozlikka berilish, dinniy aqidaparastlik yoki turli zararli oqimlar, guruhlar ta’siriga tushib qolish kabi salbiy holatlarni bartaraf qilish choralarini ko’rish maqsadida voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiya faoliyatini takomillashtirish zarurligi keltirib o’tiladi.
Qarorda mazkur komissiya voyaga yetmaganlarni zararli diniy oqimlar, guruhlar ta’siriga tushmasliklarining oldini olish uchun o’z vakolatlari doirasida profilaktik ishlarni olib borishi mumkinligi belgilangan.
Diniy aqidaparastlik va zararli oqimlarga qo’shilishning oldini olish maqsadida voyaga yetmaganlarni majsidga kiritmaslik komissiya vakolatlari doirasiga kiritilmagan. Zero, bu, avvalo, voyaga yetmaganlarning vijdon va e’tiqod erkinligi huquqini poymol qilgan bo’ladi.
Bolalarning masjidga borishini cheklovchi holatlar mavjud
“O’zbekiston Respublikasida umumiy o’rta ta’lim to’g’risida”gi Nizomga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida o’qish muddati 9 yil bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim (maktabning I—IX sinflari) majburiy hisoblanadi. U boshlang‘ich ta’limni (I—IV sinflar) qamrab oladi hamda uzluksiz ta’lim tizimining mustaqil turi hisoblanadi. 9 yillik ta’lim majburiy bo’lganligi uchun, shu yoshdagi o’quvchilar darslarni uzrsiz tark etishlari mumkin emas. O’quvchining dars vaqtida maktabni tark etib masjidga borishi majburiy ta’lim talablariga zid bo’lgani uchun ma’muriyat tomonidan taqiqlanishi mumkin. Bu faqat dars vaqtiga taalluqli bo’lib, masjidga borishni butunlay, ya’ni maktabdan tashqari paytda ham taqiqlash voyaga yetmagan shaxslarning vijdon erkinligi huquqini buzish hisoblanadi.
Shuningdek, 9 yillik o’rta ta’limdan keyingi boshqa ta’lim turlarida ham talabalardan o’quv yurti ichki tartib-nizomlariga itoat etish talab qilinishi mumkin. Bu nizomlarda talabalarning darslarni uzrsiz tark etishi taqiqlanishi tabiiy hol. Shu bois dars payti masjidlarga qatnash ushbu nizom bandlariga ko’ra mumkin emasligi kelib chiqadi. Bu, quyidagi sabablarga ko’ra, voyaga yetmagan shaxslarning vijdon erkinligi huquqining poymol etilishi sifatida tushunilmasligi kerak.
Birinchidan, o’quv yurti nizomlarida bolalarning masjid yoki boshqa ibodatxonalarga borishi butunlay, hamma vaqt uchun taqiqlanmayapti. Dars paytidan tashqari talabalarning masjidlarga borishiga vijdon erkinligi huquqi doirasida ruxsat beriladi. Agar maktab yoki boshqa oliy o’quv yurti nizomlarida aynan masjidga borish taqiqlanadi, degan alohida band bo’lsa, buni vijdon erkinligi huquqining poymol etilishi deb qabul qilish mumkin va uning ustidan yuqori organlarga shikoyat qilish lozim bo’ladi.
Ikkinchidan, 9 yillik majburiy ta’limdan tashqari boshqa yuqori ta’lim tizimlarida o’qish ixtiyoriy bo’lib, dars vaqtida uzrsiz o’quv mashg’ulotlarini tark etmasllikka har bir talaba rozi bo’lib o’qishga kiradi. Buni xohlamagan talaba o’qishga kirishdan oldin shu jihatlarini o’ylab so’ng qaror qilishi kerak.
Dunyoviy davlatda diniy huquqlar qanday ta’minlanadi?
O’zbekiston Respublikasi o’z konstitutsiyasiga binoan, dunyoviy davlat bo’lib, bu yerda din va davlat bir-biridan ajratilgan. O’zbekiston aholisining ko’pchiligi Islom diniga e’tiqod qilsa ham, ayrim bayramlardan tashqari, boshqa ibodatlar uchun, masalan, har hafta juma namozi uchun alohida dam olish vaqti yoki kuni belgilanmagan. Ayni paytda, fuqarolar uchun din va vijdon erkinligi to’la ta’minlangan. Qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun amal qiladigan ayrim majburiyat va burchlar, agar diniy haq-huquqlarga zid kelsa, davlat qonunlari ustuvor hisoblanadi. Bu nafaqat O’zbekiston uchun, balki jahonning barcha dunyoviy o’lkalarida amal qiladigan qonuniy prinsip hisoblanadi. Masalan, din va vijdon erkinligi amalda to’la ta’minlangan AQSh yoki Yevropa davlatlarida ham, agar ibodat vaqti o’quv mashg’ulotlari yoki ish paytiga to’g’ri kelsa, o’quv nizomi yoki ish shartnomasida belgilangan qoidalar amal qiladi. Talabalar o’quv yurti yoki darslarni tanlashda, o’z shaxsiy hayotidagi boshqa ishlariga vaqt bo’lishini hisobga olib reja tuzadi.
Ish vaqtida masjidga borish mumkinmi?
Ishchilar ham mehnat shartnomasi tuzishda ish beruvchidan ibodat qilish uchun vaqt so’rab, buni mehnat shartnomasiga kiritishni talab qilishlari mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 126-moddasiga ko’ra, xodimga ish vaqti davomida dam olish vaqti beriladi va dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli bo‘lgan va bundan u o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt hisoblanadi. Xodim ish beruvchi bilan kelishgan holda shunday dam olish vaqtlarida ibodat qilish uchun masjidga (Juma namoziga) borishi mumkin. Bundan tashqari, xodimlar jamoasi kasaba uyushmasi bilan birgalikda harakat qilib, ish beruvchi va xodimlar o’rtasida tuziladigan jamoa shartnomasiga ham shunday shartlarni kiritishi mumkin.
Xulosa
O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida voyaga yetmaganlarning masjidlarga borishini taqiqlovchi norma yoki normalar mavjud emas. O’quvchi va talabalar dars paytlaridan tashqari boshqa paytlarda masjidlarda bo’lishi, ibodat qilishi, diniy bilimga ega bo’lishi ularning uzviy vijdon erkinligi huquqi hisoblanadi. Qolaversa, voyaga yetmaganlar darsdan bo’sh paytlarida masjidlarga yakka o’zlari yoki ota-onalari bilan birga kelishi mumkin. Ota-onalari bilan masjidga kelganda, voyaga yetmaganlarning masjidga kirishiga to’sqinlik qilish nafaqat voyaga yetmagan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqini poymol qiladi, balki ota-onaning farzand tarbiyasi ustidan bo’lgan huquqini ham cheklash hisoblanadi. Bunday paytda o’quvchi yoki talabalarning masjidga masjid xodimlari yoki militsiya xodimlari tomonidan kiritilmasligi Konstitutsiyaga ko’ra noqonuniy hisoblanadi va bunday shaxslar ustidan to’g’ridan to’g’ri prokuratura, sud organlariga yoki tegishli tartibda yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilish mumkin.
Ammo, 9 yillik majburiy ta’lim davrida dars vaqtida o’quvchilarning mashg’ulotlarni uzrsiz tark etishi mumkin emas. Demak, dars paytida o’quvchilarning masjidga borishi taqiqlanishi mumkin. Dunyoviy davlatda, qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar birdek amal qilishi talab etiladigan ayrim majburiyat va burchlar, agar ayrim fuqarolarning diniy haq-huquqlariga zid kelsa, davlat qonunlari ustuvor hisoblanadi. Agar diniy huquqni cheklovchi bunday majburiyatlar, qasddan, ataylab yoki aynan vijdon erkinligini cheklash maqsadiga qaratilgan bo’lsa, bunday majburiyatlar konstitutsiyaga ziddir va ular ustidan tegishli yuqori organlarga shikoyat qilish lozim.
Konstitutsiyaviy huquqlarning poymol qilinishi ustidan shikoyat qilish tartibi haqida: Hijob ibodat libosimi yoxud qonunlar noqonuniyligi ustidan shikoyat qilish tartibi haqida? (http://www.adolat.net/hijob-ibodat-libosimi/)
Militsiya xodimining voyaga yetmaganlarni masjidga kiritmaslik kabi noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibi haqida: Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin? (http://www.adolat.net/militsiya-ustidan-qayerga-shikoyat-qilish-mumkin/)