Birinchi Bob.
Baxtli turmush saroyini qurmoq istaganlarga to'rt maktub.
Kelinga maktub...!
1. ERINGIZ YOQTIRADIGAN ISM VA SIFATLAR BILAN MUROJAAT QILING.
Izoh:
Insonlarning biz haqimizdagi fikrlari ularning so'zlaridan ma'lum bo'ladi. Shu sababdan ko'pincha boshqalar biz haqimizda nimalar o'ylashiga qiziqamiz. Biz haqimizda yaxshi fikrda bo'lgan kishilarning murojaat shakli,ohangi bizga yoqimli eshitiladi. Yoqadigan ohangda murojaat qilgan kishiga nisbatan bizda ham yaxshi tuyg'ular uyg'onadi. Ustiga -ustak o'zgalar oldida ismimiz tilga olinsa,buni juda yaqin kishimiz yoki turmush o'rtog'imiz aytsa,biz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois er-xotin o'zaro murojaatlarda,g'ururlantiradigan va xush yoqadigan so'zlardan foydalanishga e'tibor qaratishi lozim. Aytaylik,dadasi,dadajonisi,begim kabi so'zlar erkaklar uchun xos sifatlardir. Uyda bo'lmasa ham biror boshqa joyda,odamlar orasida,biror yig'inda ayolning o'z turmush o'rtog'ini yoqimli sifatlar bilan tilga olishi uni baxtli qiladi va g'ururlantiradi. Aksincha,unga yoqmaydigan ism va sifatlar bilan murojaat qilish uni ranjitadi,keyinchalik uning bu harakatidan qattiq uyatga qolishi mumkin (misol,umr yo'ldoshiga " Ey qarab yuboring", " Hey " kabi so'z bilan murojaat qilish xunuk hol ).
Albatta,faqat ayol kishi eriga chiroyli muomalada bo'lishga majbur emas. Erkak ham o'z ayoliga xuddi shu tarzda muloyimlik bilan,unga yoqadigan sifatlar orqali murojaat qilishi lozim. Hech bo'lmasa boshqalar oldida onasi,xonim ( muhitga va yoshga ko'ra bu o'zgartirilishi mumkin )kabi sifatlardan foydalanish zarur. Yolg'iz qolganlarida bundan ham samimiy va yaqin murojaat qilishlari mumkin.
2. U YOQTIRGAN TAOMLARNI LAZZATLI QILIB PISHIRINGKI,UYINI SOG'INSIN.
Izoh :
Ma'lumki, uyda xizmatkor-oshpaz yollash yoki doimo ko'chadan ovqatlanish imkoniyatlarimizga to'g'ri kelmaydi. Uyda ko'pincha ayol kishilar ovqat tayyorlaydi. Qolaversa,taomlarimiz dunyoda o'zining mustahkam o'rniga ega. Boy oshxonamiz ta'siri sabab bo'lsa kerak erkaklar tartibli ravishda nonushta,tushlik va kechki ovqat yeyishga odatlanishgan. Keyingi yillarda " Fast food " (tayyor ovqatlar ) keng tarqalgan bo'lsada,xalqimiz hozirgi kunda ham vaqtida ovqatlanishni kanda qilmaydi. Ko'pchilik erkaklar sho'rvasiz ovqatni xush ko'rishmaydi,boz ustiga sho'rvasiz ovqatni ovqat sifatida tan olishmaydi ( gamburger, chezburger,hot dog kabi quruq taomlarni doim ham sevib iste'mol qilishmaydi )
" Erkak kishining qalbiga boradigan yo'l oshqozonidan o'tadi",degan gap erkaklarning taom va ovqatlanish ma'daniyatiga qanchalik ahamiyat berishini ko'rsatadi. Ahvol shunday ekan,turmushga chiqqan qiz mazali taomlar pishirishni bilishi lozim. Turmush qurgan qizning ovqat pishirishni bilishi yoki hech bo'lmasa ba'zi ovqatlarni pishira olishi uning uydagi o'rni,turmush o'rtog'i va farzandlari bilan munosabatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Ertalab ishga ketayotganda tayyorlab qo'yilgan nonushtani yeb uydan chiqqan erkakning o'sha kungi kayfiyati yaxshi bo'ladi. Kechqurun uyiga horg'in va och qaytganida ovqat hali tayyor bo'lmasa,erkakning kayfiyati tushib ketadi. Mazali taomlar pishirilib, Alloh bergan ne'matlar bilan dasturxon tuzalgan bo'lsa,kayfiyati ko'tariladi,ham butun charchog'i chiqib ketadi. Shuningdek,uyiga borganida ovqat tayyor bo'lmasligini yoki xotini baribir ovqat qilishni uddalay olmasligini bilgan erkak imkon qadar uyiga kech borishga harakat qiladi. O'rtoqlari bilan vaqt o'tqazib so'ng uyiga ketadi. Horg'in ahvolda qornini yo to'yg'izadi yo umuman ovqatlanmay yotog'iga shoshiladi. Xotini va farzandlari bilan bir-ikki og'iz gaplashishga ham holi bo'lmaydi. Ertalab yana kayfiyati buzuq holatda ishga otlanadi. Ahvolni bunday tus olishida ayol kishining hissasi katta. Shu sabab umr yo'ldoshining uyni sog'inishi va ertaroq uyga qaytishini istagan ayollar ularga chiroyli dasturxon tayyorlab qo'yishni yodidan chiqarmasin.