forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Islomiy kitoblar => Mavzu boshlandi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:22:11

Nom: Imom Navaviy. Arba'in hadis (40 hadis)
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:22:11
Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan al-Hizomiy al-Huvroniy an-Navaviy

ARBA'IN HADIS


Arbain hadis

(http://www.ziyouz.com/images/books/40_hadis.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=84)

Muallif: Imom Navaviy
Hajmi: 111 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=84)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=826.45)
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:24:28
MUALLIF HAQIDA

Imom, hofiz, faqih, muhaddis Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan al-Hizomiy al-Huvroniy an-Navaviy Islom olamining mo‘‘tabar olimlaridan sanaladi. Kunyalari – Abu Zakariyo, laqablari Muhiddin. Ammo Allohga tavozu’ qilib, Muhiddin deb laqablanishni karih ko‘rganlar. Chunki din doimiy hayot va sobit bo‘lgan narsadir, tiriltiruvchi kishiga muhtoj emasdir, deb aytardilar. («Muhiddin» – dinni tiriltiruvchi, degan ma’noni anglatadi.) Lahmiy u zot haqida: «Meni Muhiddin deb ataydiganlarni do‘st tutmayman, deb aytdilar», deydilar.

Imom Navaviy hijratning 631 yili muharram oyida Damashqdagi Navo shahrida dunyoga keldilar. Yoshliklaridayoq Qur’onni yod oldilar. O’n to‘qqizga kirganlarida otalari Damashqqa olib bordilar va «Ravohiya» madrasasiga joylashtirdilar. Maqsad ilm tahsilini yanada kuchaytirish edi. Bu yerda Ishoq ibn Ahmad ibn Usmon Mag‘ribiy al-Maqdisiydan fiqhni ta’lim oldilar, Sheroziyning «Muhazzab» nomli kitoblarini o‘qib chiqdilar. Ishoq ibn Ahmad u zotning fiqh ilmidagi birinchi ustozlari bo‘ldi. Navaviy hazratlari har kuni 12 xil dars bilan mashg‘ul edilar. Orada tib bilan ham mashg‘ul bo‘lishga qasd qildilar. Lekin Alloh taolo u zotni bu ilmdan burib qo‘ydi. Balki Damashqdagi «Dorul hadis al- Ashrafiya»da dars berishni nasib qildi. Bu hodisa hijratning 665 yili ro‘y berdi.

Imom Navaviy hazratlari nihoyatda taqvodor, zohid, parhezli kishi edilar. Biror soatlarini Alloh toatidan boshqa ishga sarf qilmasdilar. Kechalarini ibodat va kitob tasnif etish bilan o‘tkazardilar. Haq u kishi uchun hamma narsadan ustun edi. Podshoh Zohir Bibris bilan bo‘lib o‘tgan hodisa u zotning xulqlaridagi ana shu qirrani ochadi. Malik Zohir bir fatvoga imzo chekish uchun u zotni chaqirtirdi. Imom hazratlari boshlariga kichikkina salla o‘rab bordilar. Sallalariga qarab mensimasdan: «Ey shayx! Bu fatvoga imzo chek», dedi. Ammo Imom bosh tortdilar. Podshoh g‘azab bilan: «Nima uchun?» deb so‘radi. Shunda Shayx hazratlari: «Bu fatvoda og‘irlik keltiruvchi zulm bor», dedilar. Podshoh yanada g‘azablanib: «Uni hamma vazifalaridan bo‘shatinglar», deb amr qildi. A’yonlar esa: «Unda hech qanaqa vazifa yo‘q», deb javob berishdi. So‘ng podshoh qatl qilishni qasd qildi. Lekin unga Alloh niyatini amalga oshirishga jur’at bermadi. «Nega o‘ldirmadingiz, bunaqa vaziyat boshqa bo‘lmaydi?» deyishganida, podshoh: «Allohga qasamki, uning vajohati meni qo‘rqitib yubordi», deb javob berdi.
Bu ish Allohning fazlidir. Uni solih bandalaridan xohlaganiga beradi.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:25:27
Imom Navaviy juda ko‘p kitob tasnif etganlar. Misol tariqasida ularning ba’zisini keltirib o‘tamiz.
1. Sharhi Sahihi Muslim.
2. Irshod.
3. Taqrib va Taysiyr fiy ma’rifati sunanil Bashiyr an-Naziyr.
4. Tahziybul asmo val lug‘ot.
5. At-Tibyon fiy odobi hamlatil Qur’on.
6. Minhoji at-Tolibiyn.
7. Bustonil orifiyn lin-Navaviy.
8. Xulosatul ahkom fiy muhimmoti sunani va qavoidil islom.
9. Ravzatut tolibiyn va umdatul muftiyn.
10. Sharhul muhazzab.
11. Al- Azkor min kalami sayyidil abror.
12. Arba’iyn.  (qo‘lingizdagi ushbu kitob).
13. Iyjoz.
14. Jomi’us-Sunna.
15. Muxtasaru Usdul g‘oba.
16. Vattarxis fil qiyomi liahlil fazl.
17. Va tahriyri alfozi tanbeh.
18. Val-fatovo.
19. Iyzoh.
20. Riyozus solihiyn
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:26:40
Quyidagi sunnat kitoblarini shayxlaridan eshitganlar:
1. Jomi’ as-sahih al-Buxoriy.
2. Sahihi Muslim.
3. Sunani Abu Dovud.
4. Jomi’ut Termiziy
5. Sunani Ibn Moja.
6. Sunani Nasaiy.
7. Muvatto Molik.
8. Musnadi Shofe’iy.
9. Musnadi Ahmad.
10. Musnadi Doramiy.
11. Musnadi Abu Ya’lo.
12. Sahihi Abu Avona.
13. Sunani Bayhaqiy.
14. Sharhi sunna lil Bag‘aviy.
15. Amalul yavm val layla li Ibn Sunniy.
16. Al-jomi’ li odobir roviy vas somi’ lilxatib Bag‘dodiy.
17. Ansob li Zubayr ibn Bakkor.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:27:13
Damashqda istiqomat qilganlarida fiqh, hadis, usul kabi har turli ilmlarni quyidagi ustozlardan ta’lim olganlar:
1. Abu Ibrohim Ishoq ibn Ahmad ibn Usmon al-Mag‘ribiy.
2. Abdurahmon ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Qudoma Maqdisiy al-Hanbaliy.
3. Abu Muhammad Abdurahmon ibn Nuh Maqdisiy al-Damashqiy.
4. Abu Hafs Umar ibn As’ad ibn Abu Folib Rub’iy al-Irbiliy.
5. Abul Hasan Sallor ibn Hasan Irbiliy al-Damashqiy.
6. Abu Ishoq Ibrohim ibn Umar al-Vositiy («Sahihi Muslim»ni shu kishidan eshitganlar).
7. Abul Baqo Xolid ibn Yusuf ibn Sa’d Nobilisiy.
8. Abu Ishoq Ibrohim ibn Iso al-Murodiy al-Andalusiy.
9. Imomul muhaddis Ziyo ibn Tammom Hanafiy.
10. Shayx Abul Abbos Ahmad ibn Solim Misriy Nahviy al-Lug‘aviy.
11. Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Molik Jayyaniy.
12. Qozi Abul Fath Umar ibn Bandor ibn Umar ibn Ali Taflisiy.
13. Abul Abbos Ahmad ibn Abduddoim Maqdisiy.
14. Abul Faraj Abdurahmon ibn Shayx.
15. Abu Muhammad Abdurahmon ibn Solim Abu Yahyo Anboriy.
16. Abu Muhammad Ismoil ibn Ibrohim at-Tanuhiy.
17. Abu Muhammad Abdulaziz ibn Abu Abdulloh Abdul Muhsin Ansoriy.
18. Alloma Abu Shoma Abdurahmon ibn Ismoil Damashqiy.
19. Abdurahmon ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Hasan Bodironiy Bog‘dodiy.
20. Qozi Imoduddin Abul Fozil Abdulkarim ibn Abdussamad Xiristoniy.
21. Fazl Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Fikriy.
22. Abu Zakariyo Yahyo ibn Abulfath Xironiy Sayrufiy.

Imom Navaviy hazratlari 676 hijriy sananing 24 rajabida chorshanba kuni kechasi Navo shahrida dorulbaqoga rixlat qildilar va shu yerga dafn etildilar. Bu zotning vafotlaridan butun Damashq ahli qayg‘uga botdi.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:28:11
1-hadis

Amirul mo‘minin Abu Hafs Umar ibn Xattob (r.a)dan: Men Rasululloh (s.a.v)ning shunday deyayotganlarini eshitdim:

«Amallar (faqatgina) niyatlar bilan (e’tibor qilinadi) va har bir kishi uchun niyat qilgan narsasigina (savobi yoki jazosi) bordir. Bas, kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun bo‘lsa, uning hijrati Alloh va Rasuli uchun (deb e’tibor qilinajak). Kimning hijrati biron dunyo (matosi) ni qo‘lga kiritish yoki bir ayolni nikohlab olish uchun bo‘lsa, uning hijrati nima uchun qilingan bo‘lsa, o‘sha uchundir».

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:29:40
2-hadis

Umar (r.a)dan:

«Bir kuni biz Rasululloh (s.a.v) huzurlarida o‘tirganimizda banogoh oldimizga oppoq kiyimli, tim qora sochli, ustida safar izlari ko‘rinmaydigan, oramizda ham hech kim uni tanimaydigan bir kishi chiqdi va Payg‘ambar (s.a.v) oldilarga borib o‘tirdi. Tizzasini (Rasululloh (s.a.v) tizzalariga taqab, ikki qo‘lini (o‘zining) sonlariga qo‘yib, dedi:- Ey Muhammad! Menga Islom haqida xabar bering!Rasululloh (s.a.v) dedilar:- Islom Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi hamda Muhammad alayhis-salom Allohning Rasuli ekanligiga guvohlik berishing, namozni barpo qilishing, zakotni ado qilishing, Ramazonda ro‘za tutishing va agar qodir bo‘lsang, Baytullohni haj qilishingdir.Haligi kishi:- To‘g‘ri aytdingiz!- dedi. Biz uning ham so‘rab, ham tasdiqlab qo‘yayotganiga hayron bo‘ldik.- Menga iymon haqida xabar bering!- Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg‘ambarlariga va Oxirat kuniga ishonishing hamda taqdirning yaxshisi-yu yomoniga (barchasining Alloh tarafidan ekaniga) iymon keltirishing.- To‘g‘ri aytdingiz!- deb, yana so‘radi,- Menga ehson haqida xabar bering!- Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek ibodat qilishing, agar ko‘rmayotgan bo‘lsang, U seni ko‘rib turibdi.- Menga Soat (Qiyomat kuni) haqida xabar bering.- U haqda so‘ralayotgan kishi so‘rovchidan ko‘proq bilguvchi emas.- Uning alomatlari haqida aytib bering.- (Uning belgilari shuki) cho‘ri o‘zining ho‘jayinini tug‘adi va o‘zlari yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al bo‘lgan qo‘yboqarlar faxr va riyo uchun bino qurayotganini ko‘rasiz.So‘ng haligi kishi ketdi. Men (o‘sha kishi haqida so‘ramay) ancha muddat kutdim. Keyin (Rasululloh (s.a.v) mendan so‘radilar:- Ey Umar! Bilasanmi, o‘sha so‘rovchi kimligini?- Alloh va Rasuli biluvchiroq!- U kishi – Jibriyl alayhis-salom, sizlarga diningizni ta’lim bergani kelgan edilar,- dedilar».

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:30:16
3-hadis

Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattob raziyallohu anhumodan:

Rasululloh (s.a.v) dedilar: «Islom besh narsa ustiga barpo qilingandir:
1) Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad alayhis-salom Allohning Rasuli, deb guvohlik berish;
2) Namozni barpo qilish;
3) Zakotni ado etish;
4) Baytullohni haj qilish;
5) Ramazon oyida ro‘za tutish».

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:32:05
4-hadis

Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Mas’ud (r.a)dan:
   
Bizga sodiq (barcha ishlari va so‘zlarida rostgo‘y) va masduq (Alloh tarafidan rost va’da berilgan) zot — Rasululloh sollalloћu alayћi vasallam quyidagi hadisni aytganlar: «Darhaqiqat, har biringizning xilqati (ya’ni yaratilishi) onasining qornida qirq kun ichida «nutfa» (tomchi suv) holida jamlanadi, so‘ngra xuddi shuncha muddat ichida «alaqa» (laxta qon) holida bo‘ladi, so‘ngra xuddi shuncha muddat ichida «muzg‘a» (bir parcha go‘sht) holida bo‘ladi. So‘ngra unga bir farishta yuboriladi va o‘sha farishta unga jon purkaydi. Keyin farishtaga shu inson ahvoli-taqdiriga taalluqli bo‘lgan to‘rt narsani: rizqi, ajali, amali hamda baxtsiz yoki baxtli ekanini yozish farmon qilinadi.
Undan o‘zga hech qanday iloh yo‘q bo‘lgan Allohga qasam-ki, bir kimsa jannat ahlining amallarini qilib yuradi, hatto u bilan jannat o‘rtasida bir gaz (yarim qadam)gina (masofa) qoladi. Shunda uning kitobi (Alloh ta’olo uning do‘zaxiy ekanligi haqida azalda yozib qo‘ygan taqdiri) yetib kelib (ya’ni undan g‘olib kelib), do‘zax ahlining amalini qilib qo‘yadi-da, do‘zaxga kirib ketadi. Va (yana) birov do‘zax ahlining amallarini qilib yuradi, hatto u bilan jahannam o‘rtasida bir gazgina masofa qoladi. Shunda uning kitobi (Alloh ta’olo uning jannatiy ekanligi haqida azalda yozib qo‘ygan taqdiri) o‘zib ketib (ya’ni undan g‘olib kelib), jannat ahli amalini qiladi-da, jannatga kirib ketadi».

Buxoriy va Muslim rivoyati
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:33:00
5-hadis

Ummul mo‘minin Oisha (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Kimki dinimizda asli yo‘q bo‘lgan narsani paydo qilsa, u albatta rad qilinur».

Imom Muslimning rivoyatida:
«Kimki biz unga buyurmagan amalni qilsa, u albatta rad qilinur».

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:33:44
6-hadis

Abu Abdulloh No‘‘mon ibn Bashir (r.a)dan:

- Men Rasululloh sollalloћu alayћi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Darhaqiqat, halol (bo‘lgan narsalar) aniqdir, harom (bo‘lgan narsalar) ham aniqdir. Ikkisining o‘rtasida ishtibohli bo‘lgan (ya’ni na halolligi va na haromligi aniq bo‘lmagan) narsalar ham borki, ko‘pchilik ularni bilmaydi. Bas, kimki shunday shubhali narsalardan o‘zini ehtiyot qilib yursa, dinini ham, nomus-obro‘sini ham pok asrab qoladi. Bamisoli (doim) birovning qo‘riqlanadigan yeri atrofida suruvni o‘tlatib yurgan cho‘pon qo‘ylarining bexosdan o‘sha yerga ham kirib ketishidan omonda bo‘lmagani singari, shubhali narsalardan o‘zini ehtiyot qilmagan (ularga bemalol jur’at qilaveradigan) kishi keyinchalik haromga ham aralashib qoladi (ya’ni haromga ham bemalol jur’at qiladigan bo‘lib qoladi). Ogoh bo‘ling, har bir podshohning (o‘zgalar kirishini man qiladigan) qo‘riqlanadigan yeri bo‘ladi. Ogoh bo‘ling, Allohning qo‘riqlanadigan yeri Uning harom qilgan narsalaridir.
Ogoh bo‘ling, tanada bir parcha go‘sht borki, agar u salohiyatli bo‘lsa, butun tana salohiyatli bo‘ladi. Agar u aynisa, tana ham ayniydi (buziladi) Ogoh bo‘ling u (parcha go‘sht) qalbdir.

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:34:17
7-hadis

Tamim ibn Avs Doriy (r.a)dan:

Rasululloh sollalloћu alayћi vasallam dedilar:
- Din bu nasihatdir.
- Kim uchun?- deb so‘radik biz.
- Alloh uchun, Uning kitobi va Rasuli uchun, musulmonlarning rahbarlari va hammalari uchundir,- deb javob berdilar Nabiy sollalloћu alayћi vasallam.

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:35:16
8-hadis

Ibn Umar (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «(Dinsiz, mushrik) kimsalar «Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Uning Rasulidir» deb guvohlik berib, namozni (davomiy suratda to‘kis) ado etmagunlarigacha va zakotni (haqdor kishilariga) bermagunlarigacha, ular bilan urishishga buyurildim. Agar odamlar yuqoridagilarga (to‘liq) amal qilsalar, mendan qonlari va mollarini omon saqlaydilar. Faqat Islom haqqi (ya’ni musulmon bo‘lganlaridan keyin biron jinoyat qiladigan bo‘lsalar, ularni Islom shariati belgilagan hadlarga muvofiq jazoga tortish) bundan mustasno. (So‘ng) ularning hisobi (ya’ni qalblaridagi narsaning hisobi) Allohga havola».

Buxoriy va Muslim rivoyati
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:36:15
9-hadis

Abu Hurayra Abdurahmon ibn Saxr (r.a)dan:
Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsam, uni tark etinglar. Nimaga buyurgan bo‘lsam, imkon qadar o‘sha narsani bajaringlar. Sizlardan avval o‘tgan qavmlarni halok qilgan narsa ularning o‘z Payg‘ambarlariga ko‘pdan-ko‘p savol berishlari va ko‘rsatmalariga xilof ish qilishlari bo‘lgan».

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:37:15
10-hadis

Abu Hurayra (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Alloh Pokdir va faqat pok narsanigina qabul qiladi. Albatta Alloh Payg‘ambarlarga buyurgan narsani mo‘minlarga ham amr etdi: «Ey Payg‘ambar, halol-pok taomlardan yenglar va yaxshi amallar qilinglar».
«Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz-pokiza narsalardan yenglar».
So‘ng Rasululloh sollalloћu alayћi vasallam uzoq safarlarga chiqqan, sochlari (taroq tegmaganidan) patila-patila bo‘lib ketgan, (uzoq safarda yurgani sababli) chang-to‘zon sochining rangini o‘zgartirib yuborgan bir kishi haqida gapirdilar. Haligi odam qo‘llarini ko‘kka cho‘zib: «Parvardigoro! Parvardigoro!» deb duo qilmoqda. Biroq uning yegani harom, kiygani harom va (butunlay) harom bilan oziqlangan. Bunday kishining duosi qanday qilib ijobat bo‘lsin?!».

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:38:25
11-hadis

Abu Muhammad Hasan ibn Ali ibn Abu Tolib (r.a)

— Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nabiralari va gul-rayhonlaridan: - Men Rasululloh sollalloћu alayћi vasallamdan (quyidagi hadisni) yodlab qolganman: «Seni shubhaga solgan narsani qo‘ygin-da, shubhalantirmaydigan (halol-pokiza) narsani ol.

Termiziy va Nasoiy rivoyati. Termiziy hasan- sahih hadis degan.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:39:23
12-hadis

Abu Hurayra (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Kishining o‘zi uchun muhim (zarur) bo‘lmagan narsalarni tark qilishi uning Islomining go‘zalligi (komilligi)dandir.

Termiziy va Ibn Mojja rivoyati. Hasan hadis
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:40:11
13-hadis

Imomi Navaviy «Sahihi Muslim» sharhida yozadi:

- O’z zamonida mag‘ribda molikiylar imomi sanalgan Abu Muhammad Abdulloh ibn Abu Zayd shunday degan edi: «Barcha xayrli odoblar ushbu to‘rt hadis asosida tarkib topgan:
1. «Alloh va Oxirat kuniga iymon keltirgan kishi (faqat) yaxshi narsani gapirsin yoki sukut saqlasin».
2. «Kishining o‘zi uchun muhim bo‘lmagan narsalarni tark etishi uning Islomining go‘zalligidandir».
3. «G’azab qilma!».
4. «Sizlarning (hech) biringiz to o‘ziga yaxshi ko‘rgan (xayrli) narsani birodariga ham sog‘inmagunga qadar (komil) iymonli bo‘lmaydi».

Ehtimol shuning uchun Imomi Navaviy mazkur to‘rt hadisni «Arba’iyn» safiga kiritgandir. Xurdoniy ushbu hadisni Islom asoslaridan biri sifatida ta’kidlagan.

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:40:39
14-hadis

Ibn Mas’ud (r.a)dan:

Rasululloh sollalloћu alayћi vasallam dedilar: - Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va mening Payg‘ambar ekanimga guvohlik keltirgan musulmon kishining qoni (ni to‘kish) faqat (quyidagi) uch holatdagina halol bo‘ladi: jufti-haloli bo‘lgan (ayol-erkak) zinokor, jonga-jon sifatida (ya’ni qasddan birovni o‘ldirgan kishi) va (murtadlik sababli) jamoatni tark qilib (Islom) dinidan chiqqan kimsa.

Buxoriy va Muslim rivoyati
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:41:13
15-hadis

Abu Hurayra (r.a)dan:

Rasululloh sollalloћu alayћi vasallam dedilar: - Kim Allohga va Oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, (faqat) yaxshi so‘zlarni gapirsin yoki sukut saqlasin. Kim Allohga va Oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisini izzat-ikrom qilsin. Kim Allohga va Oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini izzat-ikrom kilsin.
Ibn Hajar yozadi: «Mazkur hadis ham javomeul kalim namunasidir. Yuqoridagi uchta asosni o‘zida jamlagan bu sahih rivoyat qovliy va fe’liy go‘zal axloqlarga targ‘ib qiladi».

Buxoriy va Muslim rivoyati
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:44:27
16-hadis

Abu Hurayra (r.a)dan:

- Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Menga nasihat qiling», dedi.
- G’azab qilma!- dedilar Payg‘ambar sollalloћu alayћi vasallam. Haligi odam iltimosini bir necha barobar takrorladi.
- G’azab qilma!- dedilar Rasululloh sollalloћu alayћi vasallam.

Buxoriy rivoyati
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:45:05
17-hadis

Abu Ya’lo Shaddod ibn Avs (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Alloh ta’olo har bir ishni (shariatga muvofiq tarzda puxta) yaxshi qilishni vojib etdi. Agar (shariat hukmiga binoan biror jonni) qatl qilsangizlar, qatl holatini chiroyli etingiz! (Biror jonliq) so‘ysangiz, uni ham chiroyli amalga oshiringiz. (So‘yishdan oldin) pichoqlaringizni o‘tkirlab oling va jonivorni qiynab qo‘ymang.

Muslim rivoyati
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:45:48
18-hadis

Abu Zar - Jundub ibn Juqoda  (r.a) va Abu Abdurahmon Mu’oz ibn Jabal (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
- Qaerda (qaysi zamonda, qay holatda) bo‘lsang ham, Allohdan taqvo qil! Yomonlik ortidan bir yaxshilik qilgin-ki, uni o‘chirib yuboradi. Odamlar bilan chiroyli xulq ila muomalada bo‘lgin.

Termiziy rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:48:15
19-hadis

Abu Abbos Abdulloh ibn Abbos (r.a)dan:

Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ulovlarining orqasiga mingashib ketardim.
- Ey bola!- dedilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam- Men senga bir nechta (foydali) kalimalarni o‘rgataman: (Alloh hududlariga rioya etib, buyurgan narsalarini bajarib, qaytargan ishlardan tiyilib) Allohni saqlagin, U Zot ham seni asraydi. Allohni saqla-yod etgin, Uni (ng madadini- nusratini) qarshingda ko‘rasan. Agar so‘ramoqchi bo‘lsang, (yolg‘iz) Allohdan so‘ra. Agar ko‘mak istasang, (yolg‘iz) Allohdan ista. Bilgin-ki, butun ummat (insoniyat) senga bir foyda bermoq niyatida jamlansa ham, faqat Alloh ta’olo sen (ing peshonang)ga yozib qo‘ygan foydanigina bera oladi. Agar ular senga bir zarar bermoq qasdida to‘plansalar ham, faqat Alloh senga yozib qo‘ygan zararnigina bera olishadi. (Taqdir) qalamlari ko‘tarildi, (taqdir bitilgan) sahifalar quridi.
Yana bir rivoyatda shunday deyilgan: «Allohni (buyruqlariga bo‘ysunish, qaytargan ishlaridan tiyilish bilan U Zotni) asragin, Uni qarshingda topasan. Yorug‘ kunlaringda Allohni tanigin (unutib qo‘yma), og‘ir kunlaringda U Zot seni taniydi. Bilgin-ki, nima seni chetlab o‘tgan bo‘lsa, uning senga tegishi (taqdirda) yo‘q edi. Senga yetgan narsaning (taqdiri azalda) seni chetlab o‘tishi yo‘q edi. Bilgin-ki, g‘alaba sabr bilan, yorug‘lik-echim qayg‘u-qiyinchilik bilan, og‘irlik yengillik bilan birgadir».

Termiziy rivoyati. Hasan-sahih hadis.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:48:50
20-hadis

Abu Mas’ud Uqba ibn Amr Al-Ansoriy Al-Badriy (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Avvalgi Payg‘ambarlardan qolgan gap shuki: agar uyalmasang, xohlagan ishingni qil!

Buxoriy rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:49:50
21-hadis

Abu Amr (yoki Amra) Sufyon ibn Abdulloh al-Saqafiy (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dedim: - Yo Rasululloh! Menga Islom (aqidasi, shariati)da shunday bir so‘z ayting-ki, bu haqda boshqa hech kimdan so‘ramay.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Allohga iymon keltirdim» deb aytgandan so‘ng mustaqim- (haq ustida) to‘g‘ri bo‘l!».

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:51:27
22-hadis

Abu Abdulloh Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriy (r.a)dan:

(No‘mon ibn Qu’qol Huzoiy degan ) bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
- Aytingchi, men farz namozlarini o‘qisam, Ramazon ro‘zasini tutsam, halolni halol deb, haromni harom deb bilsam (ya’ni halol narsaga halol deb qarab, haromdan hazar qilib yursam) va boshqa hech narsa ziyoda qilmasam, jannatga kiramanmi?
- Ha! - dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam».

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:51:57
23-hadis

Abu Molik Horis ibn Osim al-Ash’ariy (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Tahorat-pokizalik iymonning yarmidir. «Al-hamdu lillah» mezonni to‘ldiradi. «Subhanalloh va al-hamdu lillah» osmonlaru yer oralig‘ini to‘ldirishadi — yoki to‘ldiradi. Namoz nurdir. Sadaqa- zakot (iymonning sahihligiga) dilil-burhondir. Sabr ziyodir! Qur’on sizning foydangizga yoxud zararingizga ishlaydigan hujjatdir. Hamma tong sahardan harakat qilib o‘zini (Allohga yoki shaytonga) sotadi. Pirovardida nafsini (dunyo xorligi-yu Oxirat azobidan) xalos qiladi yoki (gunoh-ma’siyatlarga botib,) uni halok etadi.

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 12 Oktyabr 2006, 13:52:29
24-hadis

Abu Zar G’iforiy (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh azza va jalladan rivoyat qilib dedilar: Alloh ta’olo aytadi:
- Ey bandalarim, Men zulmni o‘zimga harom qildim. Uni sizlarning o‘rtangizda ham harom etdim. Bas, bir-birlaringizga zulm qilmangiz.
- Ey bandalarim, barchalaringiz zalolatdasizlar. Faqat Men hidoyat etganlargina bunday mustasno. Bas, Mendan hidoyat tilang, sizlarni hidoyatga yo‘llayman.
- Ey bandalarim, barchalaringiz ochsizlar. Faqat Men taom berganlargina (och emas). Bas, Mendan taom so‘rangiz, sizlarni taomlantiraman.
- Ey bandalarim, barchalaringiz yalang‘ochsizlar. Faqat Men kiyintirgangina (yalang‘och emas). Bas, Mendan kiyim so‘ranglar, sizlarni kiyintiraman.
- Ey bandalarim, sizlar kecha-yu kunduz xato qilasizlar. (Faqat) Men barcha gunohlarni mag‘firat etaman. Bas, mendan mag‘firat tilangiz, sizlarni mag‘firat qilaman.
- Ey bandalarim, sizlar Mening zararimga (ya’ni Menga zarar yetkazish darajasiga) hech qachon yetolmaysizlar-ki, Menga zarar bersangizlar! Mening foydamga ham aslo yetolmaysizlar-ki, Menga foyda bersangizlar!
- Ey bandalarim, agar avvalingiz-u oxiringiz, insu jinlaringiz orangizdagi eng taqvodor insonning qalbidek bo‘lsa ham bu Mening mulkimga hech narsa ziyoda qilmaydi.
Ya’ni bir fojir qalbda bo‘lsangizlar... (?!)
- Ey bandalarim, agar avvalingiz-u oxiringiz, insu jinlaringiz bir joyga to‘planib Mendan (hojatlarini) so‘rasalar va Men ularning har biriga so‘ragan narsasini berganimda ham, bu Mening huzurimdagi narsalarni igna dengizga botirilganda (dengiz suvidan) qanchalik kamaytiradigan bo‘lsa, o‘shancha miqdorda kamaytiradi.
- Ey bandalarim, mana shu amallaringiz, Men ularni hisoblab qo‘yaman va shunga qarab sizlarga to‘liq jazo-mukofot berurman. Kim yaxshilikni topsa, bas, Allohga hamd aytsin. Kim boshqa narsani topsa, faqat o‘zini malomat qilsin!

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:13:01
25-hadis

Abu Zar G’iforiy (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashoblaridan bir nechasi (kambag‘al-muhtojlari) Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dedilar:
- Yo Rasululloh! Boy-badavlat odamlar ajru savoblarni olib ketdi. Ular biz namoz o‘qiganimizdek namoz o‘qiydilar, ro‘za tutganimizdek ro‘za tutadilar va (o‘z ehtiyojlaridan) ortiqcha mol-davlatlarini sadaqa qilib yuborishadi.
- Alloh ta’olo sizlarga ham sadaqa qilinadigan narsalarni bermaganmi?- dedilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam- Har bir tasbehingiz (Subhanalloh) sadaqa (ya’ni uning ajru mukofoti sadaqa ajri kabi), har bir takbiringiz (Allohu akbar) sadaqa, har bir tahlilingiz (La ilaha illa Alloh) sadaqa, yaxshilikka buyurish sadaqa, yomonlikdan qaytarish sadaqa va (jufti halolingiz bilan) qovushishingiz ham sadaqa!
- Yo Rasululloh! Agar birimiz (o‘z haloli bilan qovushib) shahvatini qondirsa, shuning uchun ham ajr oladimi?
- Axir u shahvatini haromga to‘kkanida gunohkor bo‘larmidi?! Demak, shahvatini halolga to‘kkani uchun unga ajr yoziladi.

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:13:11
26-hadis

Abu Hurayra (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Insonlardagi jami a’zolar uchun quyosh chiqadigan har bir kunda sadaqa mavjud: Ikki (tortishib qolgan) kishi o‘rtasida adolat (bilan hukm) qilmog‘ing - sadaqa. Birovga uloviga chiqishida yordam berib, uni chiqarib qo‘yishing yoki narsasini (erdan) olib berishing - sadaqa. Yaxshi so‘z - sadaqa. (Odamlar yuradigan) yo‘ldan (tosh, tikan, cho‘p kabi) ozorlarni olib tashlamoq ham sadaqadir.

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:13:18
27-hadis

Navvos ibn Sum’an (r.a)dan: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Yaxshilik husni xulqdir. Gunoh esa ko‘nglingiz xotirjam bo‘lmagan va odamlar bilib qolishini istamaydigan ishingizdir. Muslim rivoyati.
Vobisa ibn Ma’bad (r.a)dan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldim:
- Sen birr-yaxshilik xususida so‘ragani keldingmi?- dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam.
- Ha!- deb javob berdim.
- Qalbingdan so‘ra!- dedilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam - Nafsing va qalbing xotirjam bo‘lgan narsa yaxshilikdir. Garchi odamlar fatvo berib, seni fatvolantirgan esalar-da, nafsingni xotirjam qilmagan, ko‘nglingga o‘rnashmagan narsa (ish) gunohdir.

Imom Ahmad va Dorimiy rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:13:26
28-hadis

Abu Najih Irbod ibn Soriya (r.a)dan:

- (Bir kuni) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga mav’iza qildilar. (Bu mav’izani eshitib) qalblar (Alloh) qo‘rquviga tushdi, ko‘zlar yoshga to‘ldi.
- Yo Rasululloh! Bu bamisoli vidolashayotgan kishining mav’izasidek bo‘ldi,- dedik biz - Endi nasihat qiling!
- Sizlarga Alloh azza va jalladan qo‘rqishni vasiyat qilaman. Agar bir qul ustingizga amir bo‘lsa ham, unga quloq tuting, itoat eting. Hali sizlardan (uzoqroq) yashaganlaringiz ko‘p ixtilof- kelishmovchiliklarni ko‘radi. Bas, mening sunnatimga va haq yo‘lga boshlanmish xulofoi roshidinlar sunnatiga ergashingiz! Uni aql tishlaringiz bilan (mahkam) tishlab olinglar. (Dinda) yangi paydo bo‘lgan ishlardan ehtiyot bo‘linglar. Zero, har bir bid’at zalolatdir.

Abu Dovud va Termiziy rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:13:39
29-hadis

Mu’oz ibn Jabal (r.a)dan:

- Yo Rasululloh, menga shunday bir amalni ayting-ki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin,- dedim Nabiy sollallohu alayhi vasallamga.
- Sen ulkan narsa haqida so‘rading,- dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam- Biroq u Alloh ta’olo oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qil va Unga hech narsani sherik etma. Namozni to‘kis ado et, zakot ber, Ramazon ro‘zasini tut va bayt (Ka’ba)ga haj qil!
So‘ng dedilar:
- Senga yaxshilik eshiklarini ko‘rsatayinmi?! Ro‘za (do‘zaxdan saqlovchi) qalqondir. Sadaqa bamisoli suv o‘tni o‘chirganidek gunoh-ma’siyatlar (asari)ni o‘chiradi. Kishining (kechasi turib) tunda o‘qigan namozi ham (yaxshilik eshiklaridandir).
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagi oyatni tilovat qildilar:
«Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarini ibodat bilan o‘tkazib, oz uxlaydilar) Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo- iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar. Bas ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni Oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas».
So‘ng dedilar:
- Senga ishning boshi, asos-ustuni va o‘rkachining tepasi- oliy nuqtasi haqida xabar beraymi?!
- Ha! Yo Rasululloh!- dedim men.
- Ishning boshi Islom, ustuni namoz va o‘rkachining tepasi (ya’ni cho‘qqisi) jihoddir!
So‘ng (yana) dedilar:
- Senga mana shularning hammasining asosiy qismi- o‘zagi haqida xabar beraymi?!
- Ha! Yo Rasululloh!- deb javob berdim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam tillarini ushlab dedilar:
- O’zing uchun manavini tiygin!
- Ey Allohning Nabiysi, nima biz gapirgan gaplarimizga ham javob beramizmi?!
- Seni yo‘qlab onang yig‘lasin, axir odamlarni yuzlari bilan- yoki burunlari bilan dedilar, do‘zaxga itqitayotgan narsa tillarining mevalari emasmi?!- dedilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam.

Termiziy rivoyati. hasan-sahih hadis.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:13:46
30-hadis

Abu Sa’laba Xushanniy Jursum ibn Noshir (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Alloh ta’olo (bir qancha) farzlarni lozim etdi, bas, ularni zoe qilmangiz. Had-chegaralarni belgiladi, ularni bosib o‘tmangiz. (Ayrim) narsalarni harom qildi, ularga yaqin yo‘lamangiz. (Ba’zi) narsalar xususida -unutganidan emas, sizlarga marhamat ko‘rsatib,- sukut qildi, bas, ular ustida bahs qilmangiz.

Doroqutniy va boshqalar rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:14:03
31-hadis

Abul Abbos Sahl ibn Sa’d Saidiy (r.a)dan:

- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga bir kishi kirib dedi:
- Yo Rasululloh! Menga shunday bir amalni ko‘rsating-ki, agar uni qilsam, Alloh ham, odamlar ham meni yaxshi ko‘rsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
- Dunyoga nisbatan zohid bo‘l (ko‘ngil berma), Alloh seni yaxshi ko‘radi. Odamlarning oldidagi narsalarga zohid bo‘l (ko‘z tikma), shunda odamlar ham seni yaxshi ko‘rishadi.

Ibn Moja va boshqalar rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:14:19
32-hadis

Abu Sa’id Sa’d ibn Sinon Xudriy (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - (Islomda ziyoni tegmagan kishiga) zarar bermoq ham, (ziyon-zahmat yetkazgan kimsaga g‘ayri shar’iy suratda) zarar yetkazmoq ham yo‘qdir!.

Ibn Moja, Doroqutniy va boshqalar rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:14:26
33-hadis

Abdulloh ibn Abbos (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Agar odamlarning (quruq) da’volariga (asoslanib so‘ragan narsalari) berilganida, (ayrim...) kimsalar (butun) qavmining moli-yu qonini da’vo qilib chiqqan bo‘lardi. Biroq da’vo qiluvchi dalil keltirishi, inkor etuvchi esa qasam ichishi shart.
Bayhaqiy, Abu Dovud, Nasoiy, Termiziy va Ibn Moja (?!) rivoyati.

Hasan hadis. Hadisning ba’zi qismlari Buxoriy va Muslimda ham keltirilgan.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:14:36
34-hadis

Abu Sa’id al-Xudriy (r.a)dan:

- Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim:
- Јay biringiz biron yomon ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin. (Qo‘li bilan o‘zgartirishga) kuchi yetmasa, tili bilan o‘zgartirsin. (Agar tili bilan o‘zgartirishga) qodir bo‘lmasa, qalbi bilan o‘zgartirsin. Bu (ya’ni, qalb bilan o‘zgartirish) iymonning o‘ta zaifligidir.

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:14:45
35-hadis

Abu Hurayradan (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Bir-biringizga hasad qilmangiz, sotish uchun emas, birovga zarar bermoq niyatida molning narxini bozor bahosidan oshirib qo‘ymangiz, o‘zaro nafrat-adovatda bo‘lmangiz, bir-birlaringizdan yuz o‘girib o‘rtadagi aloqani uzmangiz. Hech biringiz boshqa birovning savdosi ustidan savdo qilmangiz. Alohning (haqiqiy) qullari sifatida o‘zaro birodar bo‘lingiz. Musulmon-musulmonning birodaridir: U (birodariga) zulm qilmaydi, yolg‘on gapirmaydi va uni pastga urmaydi. Taqvo mana bu yerda!- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta ko‘kraklariga ishora qildilar. -Kishining yomonligiga uning musulmon birodarini pastga urishi-haqir ko‘rishi kifoyadir. Musulmonning qoni, moli va obro‘-nomusi boshqa bir musulmon uchun haromdir.

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:14:53
36-hadis

Abu Hurayra (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Kim bir mo‘minning (boshidan) dunyoviy g‘am-tashvishini aritsa, Alloh ta’olo uning (boshidan) Qiyomat kunining g‘amini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yordam bersa, Alloh ta’olo unga dunyo-yu Oxiratda yengillik-yordam beradi. Modomiki, banda birodarining yordamida ekan, Alloh ta’olo uning yordamida bo‘ladi. (Foydali) ilm talabida yo‘l bosgan insonga Alloh ta’olo jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Odamlar Alloh uylari (masjidlar)dan biriga yig‘ilib, Alloh kitobini tilovat qilib, uni o‘zaro dars qilib o‘rgansalar, ular ustiga sakinat-orom tushiriladi, ularni rahmat qoplaydi va farishtalar o‘rab oladi. Alloh ta’olo o‘z huzuridagilarga ularni zikr qiladi. Amali sekinlashtirgan kimsani nasl-nasabi tezlashtira olmaydi. (Ya’ni, solih amali kamligi bois kamolat rutbasida qosir bo‘lgan kimsa sababli nasl-nasab oliylikka erishmaydi. Otalari ko‘rsatgan xizmatlar uni ko‘tarib qo‘ymaydi).

Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:15:01
37-hadis

Abdulloh ibn Abbos (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Parvardigori Alloh taboraka va ta’olodan rivoyat qilib dedilar: - Alloh ta’olo hasanotlarni ham, yomon amallarni ham yozib qo‘ydi (ya’ni, farishtalariga ularni voqelikka muvofiq yozib qo‘yishni buyurdi). So‘ng bayon qildiki, kim bir yaxshilikni ko‘ngliga tugib, keyin uni qilmasa-da, Alloh ta’olo uni komil yaxshilik sifatida yozib qo‘yadi. Agar bir yaxshilikni ko‘ngliga tugib, uni amalga ham oshirsa, Alloh ta’olo uni o‘z huzurida o‘n hasanotdan yetti yuz barobargacha — behad ziyodalar bilan yozib qo‘yadi. Agar banda bir yomonlikni ko‘ngliga tugsa-yu, so‘ng uni qilmasa, Alloh ta’olo o‘z huzurida uni komil yaxshilik sifatida yozib qo‘yadi. Agar bir yomonlikni ko‘ngliga tugib, uni amalga oshirsa, Alloh ta’olo uni bitta yomonlik sifatida yozib qo‘yadi.

Buxoriy va Muslim rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:15:10
38-hadis

Abu Hurayra (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Alloh ta’olo aytadi: Kimda-kim Mening do‘stimga dushmanlik qilsa, Men unga (qarshi) urush e’lon qilaman. Bandam Men uning zimmasiga farz etgan amallardan ko‘ra suyukliroq narsa bilan Menga nisbatan qurbat-yaqinlik hosil qilmagan. Bandam Menga nafl ibodatlar bilan tobora yaqinlashaverganidan, hatto uni yaxshi ko‘rib qolaman. Agar uni yaxshi ko‘rsam, Men uning eshitadigan qulog‘i, ko‘radigan ko‘zi, uradigan-tutadigan qo‘li va yuradigan oyog‘i bo‘laman. Agar Mendan so‘rasa, (so‘ragan narsasini) unga beraman. Agar Mendan panoh tilasa, uni panohimga olaman.

Buxoriy rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:15:20
39-hadis

Abdulloh ibn Abbos (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh ta’olo men uchun ummatimdan bilmasdan, unutib va majbur holatda qilingan ishlarni kechdi».

Ibn Moja, Bayhaqiy va boshqalar rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:15:34
40-hadis

Abdulloh ibn Umar (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki yelkamdan tutib dedilar:
- Dunyoda bir g‘arib yoki yo‘lovchidek bo‘lgin.
Abdulloh ibn Umar (r.a) aytardi:
- Kun botsa, tongni kutma (Ya’ni, tonggacha yashayman deb o‘ylama). Tong kirsa, kech bo‘lishini kutma. Kasallikdan oldin sog‘ligingni, o‘limingdan oldin hayotingni g‘animat bil».

Buxoriy rivoyati.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:15:41
41-hadis

Abu Muhammad Abdulloh ibn Amr ibn Os (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Men olib kelgan narsaga nafsi tobe’ bo‘lmagunga qadar hech biringiz (komil) mo‘min bo‘lmaysiz.

«Kitobu hujja» dan.
Nom: Re: Arba'in hadis (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: Laylo 14 Oktyabr 2006, 14:15:53
42-hadis

Anas (r.a)dan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: - Alloh ta’olo dedi: Ey Odam bolasi, modomiki, sen Menga duo qilib, Mendan umidvor turar ekansan, gunohing qanaqa bo‘lishdan qat’iy nazar, (ularning ko‘pligiga ham) parvo qilmasdan mag‘firat etaman. Ey Odam bolasi, agar gunohing bulutlarga qadar yetsa-da, Mendan istig‘for tilasang, seni mag‘firat etaman. Ey Odam bolasi, agar sen huzurimga yer yuzini qoplaydigan gunohlar bilan kelsang va Menga hech narsani sherik qilmagan holda ro‘baro‘ bo‘lsang, Men seni yer yuzini qoplaydigan mag‘firat bilan qarshi olaman!.

Termiziy rivoyati. hasan- sahih hadis.
Nom: Re: ARBA'IN HADIS (40 hadis). Imom Navaviy
Yuborildi: AbdulAziz 07 Iyun 2009, 03:09:55
Arbain hadis

(http://www.ziyouz.com/images/books/40_hadis.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=84)

Muallif: Imom Navaviy
Hajmi: 111 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=84)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=826.45)