Farhod Jilon, uyg'ur yozuvchisi
"OLTIN QON"DAGI TO'Y
Azaldan bordur elning panohi,
Ozodlik najoti—quyoshi, mohi.
Qasos o‘ti taqdirda bori,
To‘solmas yo‘limizni devlar ilohi!
Miloddan avvalgi 330 yil yoz kunlarining biri edi. Musaffo osmon uzra quyosh charaqlardi. Poyonsiz cho‘l xuddi osmon bilan omuxta bir juftlikday bir-biriga to‘ymay boqishib turganday tuyulardi. Samo va quyosh bu cho‘lga azaldan eng yaqin sirdosh, hamroh bo‘lib kelmoqda. Necha-necha qahramonlik dostonlari yaraldi; polvonlar o‘z karomatlarini ko‘rsatib el dong‘ini doston ayladi; elning tinchligi, salomatligini asrash uchun o‘z jonlarini fido qilib qanchadan-qancha mardu maydonlarning muqaddas qonlari shu cho‘ldagi yulg‘unlar ostiga singib ketardi!...
Adog‘i ko‘rinmaydigan dasturxonday yastangan tekislikdagi emin-erkin o‘tlab yurgan bir uyur yovvoyi otlar to‘satdan hurkib, uchgandek chopgan ko‘yi olislardagi adirliklarda g‘oyib bo‘ldi. Ko‘m-ko‘k bo‘liq o‘tloqzorda o‘ynoqlab yurgan bir necha kulrang quyonlar ularning tuyoq tovushlarini eshitgandan keyin, uzun quloqlarini ding qilib bir yerda qotib qolishdi-da, o‘sha zahotiyoq sakrashib har tomonga qochib ketishdi. Nariroqdagi quyuq o‘rmon ichidan jon holatda yetti-sakkiz juft jayronlar dupurlashib chiqib yana cho‘l bo‘ylab qochishda davom etishardi. Ajab, bu jonivorlar nimadan shunchalik hurkib ketishdiykin? Ha, sayyod! Xuddi shu payt jayronlarni quvib bir suvoriy chiqib keldi. Qoni qizib ketgan ot go‘yo qanotli dulduldek guvullab shitob bilan chopib borar, tuyoqlarining ham yerga tegib-tegmayotganligini bilib bo‘lmasdi. O‘ynoqi cho‘l shamoli tulporning yoli va uzun dumini uchirib, o‘ynatardi. Chavandoz yigit oldiga egilib otning bo‘yniga yopishib olgandi. Jayronlarning charchab qolganlari bir-birlab o‘z to‘pining ortida qola boshladilar, to‘p oldida chopib ketayotgan jayron serkasi ro‘parasidagi uncha baland bo‘lmagan taqir tog‘ tomonga yo‘l oldi. Uchqur tulpor o‘q yetgudek oraliqqa borib qolganda jayronlar tog‘ bag‘riga yetib qolgandilar. Sayyod ularning tog‘ ortiga o‘tib ketishining oldini olish uchun darhol tizginini qo‘yib yuborib, paykonni oldi-da, oyoqlari bilan uzangiga tiranib egardan ko‘tarildi va o‘qni o‘ljasiga qaratib kamon ipini torta boshladi. Xuddi shu chog‘da jayronlar nima uchundir yo‘nalishlarini yana o‘zgartirib, shiddat bilan ortga burilib, jar yoqalab chopa boshladi. Bu paytda tog‘ tumshug‘i tomonda bir to‘p suvoriy lashkarlar ko‘rindi. Sayyod yigit kechikkan edi, u o‘qni qaytadan sadog‘iga solib, kamonni yelkasiga osgancha bir qo‘lida tizginini tortib, yana bir qo‘li bilan otining bo‘ynini silab, to‘xtashga da’vat qildi. So‘ngra tizginini yanada qaattiqroq tortdi. Mag‘rur tulpor qadamini noiloj astalatgan holda oldingi ikki oyog‘ini bir bora baland ko‘tarib tushdi, so‘ngra qizib ketgan ko‘zlarini norozilik bilan olaytirib to‘xtadi.