forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Umumiy => Forumchilar blogi => Mavzu boshlandi: IRFON-2012 31 Mart 2014, 13:03:32

Nom: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 31 Mart 2014, 13:03:32
   Bismillahir Rohmanir Rohiym!

   Alloh subhanahu va taologa O'zining jaloliga yarasha hamdu sanolar bo'lsin!
   Allohning rasuli va eng ulug' bandasi bo'lgan Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga salovot va durudi shariflarimiz bo'lsin!
   Ahli baytlar, sahobalar va hozirgacha o'tgan barcha aziz insonlarga Allohning rahmati va roziligi ziyoda bo'lsin!
   Yurtimiz hamisha tinch va farovon bo'lsin! Vatanimizda faoliyat olib borayotgan diniy va dunyoviy hodimlarning vatan va din ravnaqi uchun qilayotgan ishlarida Alloh kuch quvvat va ulkan ajr-savoblar bersin!
   Ziyouz.com portalining ijodiy guruhiga, xususan Davron aka Tojialiyevga va forumning barcha ishtirokchilariga xalqimizga ilm-ma'rifat va ziyo ulashayotganlari uchun Alloh ulug' darajalar bersin! Ajrlarini yanada ziyoda qilsin! Kelgusida bundanda kattaroq yutuqlarga muvaffaq qilsin!

   Blogning sarlavhasidan uning mazmuni hammaga ma'lum. Marhamat, ko'nglingizga kelgan yaxshi va mazmunli gaplarni yozishingiz mumkin. O'zim boshlab beraman.

   Internetga sarflagan vaqtimizning o'ndan birini namoz o'qishga sarflaganimizda, dunyo va oxiratimiz chiroyli bo'lar edi.

   O'tayotgan soatlarga megabaytlarga achinganchalik achinganimizda edi, "tekin internet"ni emas, soatlarining hisobi yo'q bo'lgan abadiy jannatlarni orzu qilgan bo'lar edik.

   Masjidda hamma musulmon, ammo bozorda birorta musulmonni topish mushkul. Muhokamada hamma oqil, ammo amalda birorta oqilni topish mushkul.

   O'z obro'si bilan kibrlanganlar, aslida o'sha obro' kamtarinlikdan barpo bo'lganini bilsalar edi, yanada kamtarinroq bo'lar edilar.

   Bitta kitob o'qimaganning yuzta gapidan yuzta kitob o'qiganning bitta gapi afzal.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 31 Mart 2014, 14:42:07
   Televizoringiz har qancha qimmat va zamonaviy bo'lsa ham, elektr bo'lmasa ishlamaydi.
   Amallarimizdagi ihlos ham shu qadar o'rin tutadi. Amallarimizda ihlos bo'lmasa, savlat to'kib, quruq viqor bilan turaveradi, lekin foydasi tegmaydi. Xuddi elektrga ulanmagan televizorga o'xshaydi.

   Bir tanishingizga qo'ng'iroq qilmoqchi bo'lsangiz, unga ajratilgan maxsus raqamlarni to'g'ri terishingiz shart. Agar birgina raqam noto'g'ri terilsa ham, aloqa boshqa manzilga burilib ketadi.
   Iymon ham shunga o'xshaydi. Xudoga ishonsam bo'ldi, deganlar adashadi. Iymon keltirilishi lozim bo'lgan narsalarga Alloh buyurgandek iymon keltirasiz, keyin manzilga yetasiz. Masalan, bitta oyatni yoki Allohning birgina sifatini inkor qilish ham odamni iymon zonasidan chiqarib yuboradi. Noto'g'ri manzillarga ketadi.

   Qiziqish va muhabbat bir-biriga juda yaqin narsalardir.
   Internetga qiziqqanchalik Qur'onga ham qiziqyapmizmi? Kechalari soatlab ko'z nurlarimizni unga sarflayapmizmi? Birorta nuqson topsak, to'g'rilanguncha uxlamasdan harakat qilyapmizmi? Uni o'rganish uchun oyiga 50-100 ming so'm sarflayapmizmi? Bir kun o'qimay qolsak zerikib qolyapmizmi?
   O'z vijdoningizga savol bering va unga o'zingiz javob bering:
Internetga ko'proq qiziqasizmi, yoki Qur'onga?!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 07 Aprel 2014, 17:17:24
ZAMONAVIY MUSULMONLAR

   Avvalgi asrlardagi musulmonlar dinda bizdan ko'ra sobitqadamroq bo'lganlarini tan olamiz. Ilmda ham, taqvoda ham bizdan g'ayratliroq bo'lganlar. Olimlari uchun Qur'onni hammasini yodlash bolalikdagi ish bo'lgan. Har bir asrdagi o'tgan avliyolarni sanab tugatolmaymiz. Ayollari shim kiymagan, ro'molsiz yurmagan. Qizlari ibo-hayoning ulkan namunasi bo'lganlar. Ularning yashash tarzlari bizga nisbatan ancha qiyin bo'lsada, ma'naviy jihatdan bizdan yuqori bo'lganlar. Alloh ulardan rozi bo'lsin!
   To'g'ri, hozirgi zamonda insonlarning yashash tarzi ancha mukammallashgan. Misli ko'rilmagan imkoniyatlar ichida yashamoqdalar. Xususan bizning mamlakatimiz tinch, farovon. Masjidlarda musulmonlar xotirjam ibodat qilishmoqda. Xalqimiz iqtisodiy jihatdan ham o'tmishga nisbatan yuz chandon yaxshiroq holatdadir. Ilm-fan o'tmishdagidan ko'ra kengroq qamrovda o'rganilmoqda va o'rgatilmoqda. Vatanimiz borgan sari ravnaq topmoqda.
   Lekin, musulmonlar nima uchun hanuzgacha o'z dinlarida sustkashlik qilmoqdalar? Nega o'zini mo'min sanagan nabiralik kishilar ham sajdaga bosh qo'ymayapti? Nega bolalarimiz diniy va milliy qadriyatlardan uzoqlashmoqda? Nega to'ylarimiz hanuzgacha ichkilik bilan o'tmoqda? Nega oilalarimizda Islomiy muhit rivojlanmayapti?
   Uzoq yillik mustamlakalar ostida xalqimiz o'z muqaddas diniga amal qilish, o'rganish va o'rgatishga qiynalganlari rost. Alloh yurtimiz boshiga bunday kunlarni qayta solmasin! Ammo, mustaqillik bilan ne'matlantirilganimizga 22 yildan oshdi. O'sha paytdagi chaqaloqlar hozir ota-ona bo'ldilar. Demak, bu yoshlar to'la to'kis istiqlol nafasida ulg'ayganlar. Endi o'tmishda qolgan mustamlakalarni bahona qilishga o'rin qolmadi. Bu muddat ichida har qanday jamiyat o'z diniy va milliy qadriyatlarini tiklab olishga ulguradi. Olimlarimiz va boshqa jonkuyar insonlar bu yo'lda tinmay mehnat qildilar va qilmoqdalar. Samaralarini ham ko'rib turibmiz. Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xazratlarining qanchadan qancha kitoblari nashrdan chiqdi. Din masalasida xohlagan savolingizga yetarli darajada javob topasiz. Diniy idora tarafidan ham ma'naviy va ma'rifiy ishlar bardavom bo'lmoqda.
   Ammo, xalqimizda nega yuksalish kam? Bunga ojizona javob berishga harakat qilaman.
   Birinchi sabab, mustamlaka davrlarini o'z ko'zlari bilan ko'rgan ko'p insonlar istiqlol ne'matini totib ko'rgach ham insofga kelmadilar. Keyingi va undan kattaroq sabab, zamonaviy texnologiyalar bizga misli ko'rilmagan imkoniyatlar berishi bilan birga, misli ko'rilmagan talofatlar keltirdi. Avvalgi zamonda televizor, telefon, internet degan narsalar bo'lmagan. Demak, g'arbga taqlid qilish ham, ekran ichidagi nomahramlarga nazar solish ham bo'lmagan. Bolalari kompyuter o'ynab emas, o'tloqlarda hadis yodlab o'tirgan. Xomilador ayollari serial ko'rib emas, salovat aytib o'tirgan. Qizlari romantik qo'shiqlarni tinglab emas, Qur'on tinglab ulg'aygan. Yigitlari tuni bilan futbol yoki qo'rqinchli kinolar ko'rib emas, shamda kitob o'qib, tahajjud o'qib chiqqanlar. Yigit-qizlar bir-birlarining hatto yuzlarini ko'rishlari amri mahol bo'lgan. Yoshlari yolg'iz qolganlarida shayton ularni internet balosi bilan yo'ldan urmagan. Xullas, ularda gunoh qilish imkoniyati bizga nisbatan kam bo'lgan. Qalb xastaliklaridan saqlansa kifoya qilgan. Aroqxo'rlik, zinokorlik, o'g'rilik kabi gunohlarga kamida obro'sini o'ylab qo'l urmaganlar. Bizda esa bitta arzon qurilma orqali qancha gunohlar qilinmoqda, hech kimni obro'si tushgani yo'q. Internetda, televizorda, hayotda, xullas qayoqqa qaramang yarim yalong'ochlar hukmron. Taqvo qilgan ozchilik kishilar bundan omon qolmoqda. Ammo, ulardan boshqa barcha yoshu qarilar ko'z zinosiga mubtalodir. Umidlarimiz bog'langan ahli ayollarimiz esa seriallaru shou-biznesga mubtalodirlar. Yosh kelinlarimiz taqvo qilib, ko'chada yerga qarab yuradilar, nomahram erkakka qaramaydilar, ammo televizor va jurnallarda tomosha qilishdan uyalmaydilar. Qosh-ko'zlariga termuladilar. Vujudlarida esa bizning umid uchqunlarimiz shaytoniy hislardan quvvat olib ulg'aymoqda. Endi farzandlarimiz qanday insonlar bo'lib yetishadilar?
   Andishasizlik bo'lsa ham aytishga majbur bo'ldik. Muslima opa-singillarimiz bizning maqsadlarimizni tushunib yetdilar, deb o'ylayman. Oralaringizda seriallar va shou-biznesga mubtalo bo'lgan ayollar bo'lsa, bu yo'ldan qaytaringlar. Chunki, qizlar va ayollar mening nazdimda butun bir millatning, el-yurtning kelajagidirlar. Sog'lom onalardan sog'lom bolalar dunyoga keladi. Bu gap moddiy va ma'naviy ahamiyatga egadir. "Sog'lom bola" yilida jismoniy va ma'naviy salomatlikka qattiq e'tibor qaratishni o'rganaylik. Go'yoki, yilning bunday nomlanishi ham bizga turtki bo'lsin.
   Erkaklarda esa umumiy mas'uliyat doim saqlanib qoladi. Alloh taqdirimizga  mana shu sinovli zamonlarni yozgan ekan. Bu imtixonlardan salomat o'tishda, eng avvalo, biz erkaklar ayollarimizga va bolalarimizga o'rnak bo'lishimiz lozimdir. Har ikki tarafning taqvolari birlashib, xalqimizdagi og'riqli nuqtalarni surib chiqaradi deb umid qilamiz!

IRFON
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 09 Aprel 2014, 09:24:01
   Ba'zan xayol surganimda telefon yon daftarchasiga bir narsalar yozgim keladi. Yozsam, xuddi kim bilandir dardlashganga o'xshayman. Keyin, telefon yon daftaridan o'chirib yuboraman...

   Ushalmagan orzulardan ko'ra qo'ldan chiqarilgan imkoniyatlar va ulardan qolgan nadomatlar ko'proq bo'ldi...

   Chorak asrlik umrim go'yo bir zumda o'tib ketgandek. Odam bolasi shunaqa, umrini g'ofillikda o'tkazib qo'yib, umr oqar daryo ekanda, deb bahona qiladi. Aslida, umrning tez o'tib ketishi insonning g'aflatini anglatadi. Bunga uyqu misoldir.

   Hozirgi musulmon oilalarning ba'zilariga shikoyatim bor. Farzandingiz balog'atga yetgan kunini e'tiborsiz qoldirasiz. "Bardam bo'l, bugundan bo'shlab yelkanga gunoh yozilishni boshladi, har bir qadaminga Xudoni oldida javob berasan" deb yelkasiga urmadingiz. Oldingizga o'tqizib, bu kunni boshlanishida haqqiga duo qilmadingiz. Bu holatga ota-ona e'tiborsiz bo'lsa, farzand qanday e'tiborli bo'lsin? Amal daftarlari g'aflat bilan ochilganidan ko'p afsusdaman...

   O'tkinchi va ozgina qiyinchilikdan so'ng abadiy rohat afzalroqmi, yoki o'tkinchi va ozgina rohatdan so'ng alamli azoblar va abadiy nadomatlar afzalroqmi?
   Afsuslar bo'lsinki, yashash tarzimizdan ikkinchisini tanlaganimiz ko'rinib turibdi...

   Barcha olamlarning Robbisiga istig'for aytamiz, rahmati va mag'firatiga judayam muhtojmiz!
   Allohim, bu dunyoga mahliyo bo'lib, oxiratni unutgan kunlarimiz uchun bizlarni avf etgin! Qolgan umrimizni O'zinga qullik qilishga muyassar qilgin!
   Oxiratni ko'rmaganmiz, jannatni, do'zaxni va sirot ko'prigini ko'rmaganmiz. Ko'z ochib ko'rganimiz shu foniy dunyodir. Ammo, qalbimizda iymon bor. Ko'z ochib ko'rgan dunyoyimiz ko'rmagan dunyoyimizdan to'sib qo'ymoqda. Bu - ko'rmagan dunyoga ishonmaslik emas, ko'rgan dunyosidan ajralolmaslikdir. Ko'rmasdan turib ishongan narsalarimizga binoan qullik qilish nafsimizga og'irdek ko'rinadi. Shayton esa nafsning ashaddiy hamkoridir. Kurashda davom etamiz, toki ko'rmagan haqiqatlarimiz ko'rilganlarni yengib tashlasin!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 12 Aprel 2014, 12:25:29
   Kirakash mashinasiga yevropacha kiyingan bir talaba qiz chiqdi. Sochlari jingalak, kalta ko'ylak, tor shim kiyib olgan. Mashinani atir hidi tutib ketdi. U qiz katta yoshdagi bir namozxon kishining yoniga o'tirib olgan. Hozirgi qizlarimizning behayoliklariga odamlar ko'nikib ketdilar. Hech kimdan bir og'iz nasihat chiqmaydi.
   Ammo, bu safargi dindoshimiz bu qizga xayrli nasihat qilib qo'yishni lozim topdilar. Atrofdagilar eshitmaydigan darajada past ovozda so'radilar:
- qizim, qayerdansiz?
- falon shahardan...
- men o'sha shaharda 50 yildan ortiq vaqtdan beri yashayman, shaharning hamma kattalarini taniyman. Agar kimning qizisiz desam ota-onangizni sha'niga yaxshi bo'lmaydi. Undan ko'ra sizga boshqa bir gap aytaman...
- xop
- ota-onangizni yaxshi ko'rasizmi?
- albatta.
- ularni ism-familiyasi do'zaxiylar ro'yxatiga tushib qolishini xohlaysizmi?
- yo'q, xohlamayman.
- hozir shu kiyinishingiz sababli ular o'sha ro'yxatda turibdilar, qizim...
   Qiz ancha vaqt jim bo'lib qoldi. Biroz o'ylanib turdida, ko'zlariga yosh keldi. Aytilgan gap ko'ngilning tub-tubigacha yetib borgan edi. Yig'layotganini atrofdagilardan yashirish uchun yana ozgina fursat o'tdi. Keyin sekingina javob berdi:
- tog'a, bugundan boshlab bunaqa kiyimlarni kiymayman...
   Afsuski, oramizda bu qadar nasihatgo'ylarimiz judayam kam. Kap-katta chollar ham tomosha qilib ketaveradilar. Qizlarimizga esa mayin ovozda ta'sirchan nasihatlar kerak. Ular ham qo'g'irchoq emas, haykal emas. Yo'lini qilib tushuntirsa, ta'sir etilsa, ularda ham qalb bor, yurak bor. Kattalarimiz, yoshi ulug'larimiz, ota-onalar chiroyli pand-nasihat qilsalar bo'lmaydimi? Afsuski, ko'plarining o'zlari nasihatga muhtoj bo'lsalar, farzandlarga qanday nasihat qilsinlar?!
   Uyalmasdan "hozirgi yoshlar odobsiz bo'lib ketdi" deydilar. Odobsiz bo'lib ketganlariga o'zlarining ta'lim-tarbiyaga bepisandliklari sabab emasmi? Yo'q, farzand tarbiyasiga vaqt qayoqda deysiz. Axir pul topish kerak, dang'illama uylar qurish kerak, mashina olish kerak. Ularga shu kerak... Mol-dunyo, obro'-e'tibor bo'lsa bas. Yana chiroyli bahonalari ham bor: "Men mana shu norasida jigarbandlarim uchun ishlayapman. Ularning saodati uchun harakat qilyapman. Hech kimdan kam bo'lmasin deyman. O'zim bir kosa ovqatga to'yaman. Hammasi shu farzandlarim uchun!"
   Ofarin! Naqadar fidokorona gaplar! Lekin, marhamat qilib shuni bilib qo'ysinlarki, farzandlaringiz saodati mol-mulkda emas! Ota-ona farzandiga yaxshi tarbiyadan ko'ra kattaroq narsa berolmasligi hadisda zikr qilingan!
   Gapimiz faqatgina qizlar haqida bo'lib qolmasin degan maqsadda umumiy gaplarni ham aytib o'tishni lozim topdik.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 12 Aprel 2014, 21:35:09
FORUMGA BAG'ISHLANGAN MAQOLLAR

* Yetti o'ylab bir post qoldir!

* Ijobiy reyting olganing, qand-u asal totganing!

* Qoidabuzarning yugurgani "ban-list"gacha!

* Qoidani qoidabuzardan o'rgan!

* User aziz, intizomi undan aziz!

* Offtopchidan hamma bezor!


* O'ychi yozguncha tavakkalchi kopirovat qiladi!

* Boshinga ban kelsa ham rost gapir!

* O'z foruming o'lan to'shaging!

* Userlar bor userlarning naqshidir,
Userlar bor mehmon undan yaxshidir!

* Bitta loginga ikkita user sig'maydi!

* Userda bori postga chiqadi!

* Userning sarishtasi - forumning farishtasi!

* Reyting bozorda sotilmas!

* Post egasini topar!

* Shirin post bilan ilon inidan chiqar!

* Post ko'rki - imlo!

* Til - dilning kalitidir,
Parol - nikning kalitidir!

* Posti shirinning do'sti ko'p!

* Besh moder barobar emas!

* User userdan rang olar!

* Gul tikansiz bo'lmas,
Forum tortishuvsiz bo'lmas!

* Yaxshi user keyin chopar!

* Qoidaga yondosh, offtopdan qoch!

* Posti kaltaning tili uzun!

* Offtopchining katta-kichigi bo'lmas!

* Birovning postiga kulmagin zinxor,
Sening ham postinga kulguvchilar bor!

* Ko'p bilgan oz yozar, oz yozsa ham soz yozar!

* Userning nikiga boqma, postiga boq!

* Og'ziga kelganni yozmoq - nodonning ishi!

* Teran daryo tinch oqar,
Teran user tinch yozar!

* Internet bo'lsa qo'lingda,
Forum topilar yo'lingda!

* Ish ishtaha ochar, dangasa kopirovat qilar!

* Boshga tushganni ban-list ko'rar!

* Mavzular bedarvoza emas!

* El og'zini ban bilan yopib bo'lmas!

* Ko'z qo'rqoq, klaviatura botir!

* Forumni offtop bossa offtopchiga nima g'am?

* Bo'ladigan user profil to'ldirishidan ma'lum!

* Javob topganga bir tanga, ulgurganga ming tanga!

* Aytsam nikim kuyar, aytmasam dilim!

* Odami bor forum - bozor
Odami yo'q forum - mozor!


* Yopilgan mavzu yopiqligicha qolsin!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 01 May 2014, 16:51:44
Internet nima?

Internet - o'g'ri! Vaqtni o'g'irlaydi. Shunday o'g'irlaydiki, qanday qilib topshirib qo'yganingizni bilmay qolasiz. Shunday o'g'riki, unga har kuni qayta-qayta o'lja bo'laverasiz. Qadimda o'g'rini qo'li kesilar ekan. Bunisi o'zgacha, o'g'ri bizni qo'limizni bog'lab olgan.

Internet - sehrgar! Shunday sehrlaydiki, bitta ekranga termulib 4-5 soat o'tiraverasiz. Qorin ochgani, tashqarida yomg'ir yog'gani, hatto oyog'ingizni ostidan sichqon o'tib ketganini bilmaysiz. Bu ham yetmaganday, u butun aqlingizu qalbingizni o'ziga qaratib olgan. Tashqaridan qaraganda, xuddi muzlatilgan shaxzodaga o'xshaysiz.

Internet - muhabbat! Ha, siz sevib qolgansiz. Odam o'z sevgilisiga ham bunchalik uzoq tikilib o'tirmasa kerak. Bu qadar berilib, hatto yurgan yo'lingizda uni o'ylaysiz. Ekranga qarab o'tirib birdan jilmayasiz, goh asabiylashasiz. Bu telbalik emasmi, tashqaridan qarasak?!

Internet - dengiz! Cheksiz ummon. Uning oxiriga yetaman desangiz qirg'og'i ko'rinmaydi. Bir sho'ng'isangiz go'yoki cho'kib ketasiz. Uning doirasi shu qadar kengki, milliardlab "baliq"lar bemalol suzib yurishadi. Dengizda kichik baliqlar kattalariga ozuqa bo'lishadi...

Internet - surunkali kasallik! Chekishni tashlash ham undan osonroq bo'lsa kerak. U shunday davomiy kasallik bo'lib, uni davosi faqat irodadir. Ammo, yangi asr bolalarida bunga yarasha iroda, ko'pincha, yetarli emas. Bu kasallikni tuzatuvchi mutahassislik ham yo'q. Bu kasallikka qarshi tabletka, ukol, parashoklar, dimlamalar ham yo'q. Xalq tabobati esa, bunaqa kasallik tarixda misli ko'rilmagan demoqda. Yana bir yomon tarafi, to'shakka emas stulga mixlanasiz. Bel, bo'yin, ko'z va hatto miya shikastlanish darajasiga yetib boradi.

Internet - olam! Olam bo'lganda ham, mutlaqo yangi olam. Avval bunaqa olam bo'lmagan. Bundan yigirma yil avval birortasiga Moy Mir (mening olamim) desangiz ustingizdan kulardi. Endi buni bilmasangiz kulguga qolasiz. Har bitta odamning o'z olami bo'lib, internet barchasini bir joyga jamlaydi. O'sha olamga mahliyo bo'lib, haqiqiy olamingizni 99%ga unutasiz. Faqat beixtiyor 1% qoladi, u ham bo'lsa nafas olish uchun.

Internet - narkotika! Qo'rqmang, bu o'xshatish xolos. Oxiri o'limga olib bormaydi, lekin ko'pincha faqat o'limgina uni sizdan mosuvo qiladi. Borgan sari o'z domiga tortib boraveradi. Yangi-yangi qirralari chiqaveradi, battar kirishib ketaverasiz.

Internet - ulfat! Shunday ajoyib ulfatki, hech zeriktirmaydi. Siz xohlagan tilda gapiradi. Sizdan yuz o'girmaydi. Ammo aldab pulingizni shiladi.

Internet - sayohat! Unda siz butun olamni sayohat qilasiz. Google, Yandex, Yahoo, Mail.Ru va boshqalar sizga yaqindan yordam beradi. Istalgan soha bo'yicha, istalgan hududga kira olasin. Google Maps va shunga o'xshash kartalar orqali yer yuzining xohlagan nuqtasini tomosha qila olasiz. YouTube sizga ajoyib yordamchi. Chunki u istalgan videoni ekraningizda namoyish qilib beradi. Go'yoki, siz uchib yuribsiz.

Internet - bozor! Hamma narsa topiladi. Yaxshi narsalar ham, yovuz narsalar ham bor. Xohlaganingizni sotib olasiz. Pulingiz bo'lsa bas. Bozordagilarning yarmidan ko'pi bir-birini aldash bilan band...

Internet - olov! Vaqtingizni va pulingizni kuydirib kul qiladi. Ortga qaytara olmaysiz. Tilsiz ofatdir. Hatto, ba'zi insonlar shu qadar berilib ketganki, parvona misol o'zini ushbu yorug'likka uradi... Ijtimoiy tarmoqlarda 24 soatlab onlaynda, butun olam bilan gaplashadi. Zaruriy gaplar bo'lsa ham mayli, g'irt telba-teskari, oldi-qochti gaplar. Buyoqda esa umr yonib bormoqda...

Internet - tush! Unda hamma narsa bo'lishi mumkin. Tush ko'rayotgan inson, men tush ko'ryapman deb o'ylaymaydi. Uyg'ongach esa tush ekanligini tushunadi. Tushdagi insonlar va ular bilan suhbat ajoyib. Hayotda esa ularni tanimaysiz, ko'rmagansiz. Tushda esa judayam yaqin gaplashasiz. Kimlardir aka-singil, opa-uka va hatto sevishganlar bo'ladi. Hayotda esa biri Rossiyada, biri Amerikada yashaydi, bir-biri bilan yuzma-yuz gaplashmagan. Bir kunda o'ttiz milliondan ortiq inson tashrif buyuradigan Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog'ida hatto qiz bola o'g'il bola bo'lib chiqishi ham mumkinligi odamni ajablantiradi. Tushga nimalar kirmaydi deysiz... Lekin bu tush har kuni davom etaveradi, xuddi Kurtlar Vadisi serialiga o'xshab, hech tugamaydi.

Internet - kino! Unda hamma o'zi uchun o'zi bosh ro'lni ijro etadi. Kimnidir yakson qilish, kimnidir himoya qilish bilan ovora. Bitta akkaunt mag'lub etilsa, yangi akkaunt ochilib davom etilaveradi. Faqat bu safar boshqa qiyofada, boshqa ismda, boshqa xarakterda. Janglar davom etadi...

Xullas, yana juda ko'p misollar keltirish mumkin. Tarixda uchratilmagan bir sinoat. Necha ming yillardan beri necha milliardlab insonlar o'tgan bo'lsada, milodiy XX-asr oxiriga kelibgina paydo bo'ldi, qurib ketgur. Boshimizda bu savdo ham bor ekan. Nailoj, endi bu kashfiyotdan faqat to'g'ri yo'llarda foydalansak bo'lgani.

IRFON, 08.03.2013
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 19 May 2014, 21:01:53
Kimki bu dunyoda Allohdan qo'rqsa, oxiratda Undan xotirjam bo'ladi. Kimki bu dunyoda xotirjam bo'lsa, oxiratda Undan qo'rqadi.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 20 May 2014, 22:27:54
Allohdan qanchalik qo'rqishingizni bilmoqchi bo'lsangiz, yolg'iz qolganda qiladigan amallaringizga boqing.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 01 Iyun 2014, 18:27:05
   Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoning uylarida bir nechta sahoba bilan o'tirgan edilar. U uyga Payg'ambarimiz alayhissalomning boshqa bir zavjalari, Sofiya roziyallohu anho bir xizmatkor orqali taom jo'natgan ekanlar. Yegulik ham, uning idishi ham Oisha onamiznikidan chiroyliroq edi. Yoshgina qiz bo'lgan Oisha onamizning rashklari keldi. Xizmatkorning qo'lidan idishni olib yerga uloqtirdilar. Bu holatdan hamma xijolatda qoldi, Oisha onamizning o'zlari ham bu ishidan afsusda qoldi. Hammasi juda tez bo'lgan edi. Olamlarga rahmat bo'lgan Payg'ambarimiz asta egilib, yerdagi idish siniqlarini yig'ishtirishga tushdilar. To'kilgan yegulikni bir idishga yig'dilar (bundan, taom quruq bo'lganini anglab olishimiz mumkin). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: <<Taomdan olinglar, xijolat bo'lmanglar, onangiz rashk qildi>> dedilar. Oisha onamiz o'zlari qilib qo'ygan ishlarining kafforotini so'radilar. Payg'ambarimiz alayhissalom boshqa idish olib berishni buyurdilar. Oisha onamiz xizmatkorga boshqa idish olib kelib berdilar.
   Bir qarashda xijolatli bo'lgan ushbu kichik voqeada hozirgi kunimiz uchun dolzarb bo'lgan ko'pgina hikmatlar bordir. Ularni Alloh bildirganicha qismini sanab berishga harakat qilamiz.
1. Oisha onamiz ham boshqa ayollar singari tabiatga ega bo'lgan edilar. O'z erini rashk qilishda Oisha onamizdek zot o'zini tutib turolmaganidan keyin, boshqalar xotinlarini rashkchiligidan umuman nolimasliklari kerak. Bu har bir ayolning tabiatida bor narsadir. Aslida, Sofiya onamiz ham Payg'ambarimizning zavjalari edilar, ilm va taqvoda mustahkam edilar. Barcha onalarimiz bir-birlariga yuksak ehtiromda bo'lganlar. Faqat ayollik tabiatlaridan bu narsa sodir bo'lgan, xolos.
2. Idishni xotini yerga tashlab yuborsayu, er mehmonlarning xuzurida idish siniqlarini yig'ishtirganini ko'rganmisiz? Bu eng buyuk xulq bilan yuborilgan zotning tavozelari edi. Hozirgi erkaklarimiz agar xotini bilan yolg'iz qolgan holati bo'lganda ham, siniqlarini yig'ishtirishni xotinni o'ziga qildirar edi. Agar bir uy mehmonni oldida shunday qilsa, uni uydan haydab yuborsa kerak. Sunnatga ergashyapmiz deganlarning ahvoli shumi? Sizku bir oddiy bandasiz. Olamning yaratilishiga sabab bo'lgan zotning harakatini ko'ring, ta'lim oling. Xotinni qul sifatida ko'radiganlar yaxshilab ibrat olsin.
3. Endi hozirgi kungi ayollarimizga yuzlanaman. Jahl bilan idishni sindirib, ikki daqiqa o'tmasdan, bu gunohimni qanday yuvaman deb hammani oldida aytolasizmi? Yo'q, xovuringizdan tushishingiz uchun kamida bir-ikki soat kerak bo'ladi. Oisha onamizning kuchli taqvolariga e'tibor bering. Ayollik tabiati bilan kichik xatoga yo'l qo'ydilar, lekin bir zumda hammasini o'z joyiga tushurishni g'am qildilar. Shu vaqtni o'zida kafforotni so'radilar va bajarib qo'ydilar. Aslida, idishni sindirib yuborishdek jo'shqin holatdan tezda o'zini o'nglab olish judayam qiyindir. Onamiz nafaqat o'zini, balki bo'lib o'tgan ishni ham o'nglab qo'ydilar. Ey muhtarama ayollar, ibrat olinglar! Ul zot ham xuddi sizlardek ayollik tabiatiga ega bo'lgan edilar.
4. Payg'ambarimiz alayhissalom: <<Taomning kafforoti taom, idishning kafforoti idish>> dedilar. E'tibor bering, idishni sindirganlarini ayb sanadilaru, rashk qilganlarini ayb sanamadilar. Chunki, dinimiz insonga nafsi ko'tarmaydigan narsani yuklamaydi. Insoniy fe'l-atvorlar uchun ayblamaydi. Bu naqadar haqiqat va adolat dinida ekanligimizning yana bir isbotidir. Xotini ko'p tergaganidan jahli chiqadigan erkaklar buni anglab yetishlari kerak. Ba'zilar buni ishonchsizlik deb qabul qilar ekan. Yo'q, rashk insoniy fazilatlardan biridir. Hadisda <<Rashk iymondandir!>> deb marhamat qilingan. Faqat noo'rin rashk qoralanadi, xolos. Bo'lar-bo'lmasga janjal ko'taraverishdan qaytariladi.
   Saodat asridan keltirilgan yuqoridagi rivoyat hammamiz uchun katta ibrat va saboq bo'ladi, degan umiddamiz!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 06 Iyun 2014, 08:58:50
Sakkizta majlisda o'tirish bilan insonda sakkizta narsa ziyoda bo'ladi:

1. Boylar majlisida bo'lish mol-dunyoga rag'batni ziyoda qiladi.
2. Kambag'allar majlisida bo'lish shukrni ziyoda qiladi.
3. Amaldorlar majlisida bo'lish kibrni ziyoda qiladi.
4. Ayollar majlisida bo'lish aql johilligini va shahvatni ziyoda qiladi.
5. Yoshlar majlisida bo'lish lag'vni ziyoda qiladi.
6. Fosiqlar majlisida bo'lish gunohlarga moyillikni ziyoda qiladi.
7. Solihlar majlisida bo'lish haromdan qaytish va ibodatga moyillikni ziyoda qiladi.
8. Olimlar majlisida bo'lish ilm va diyonatni ziyoda qiladi.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 26 Iyul 2014, 10:53:54
- Qur'on o'qib unga amal qilgan inson mandaringa o'xshaydi, hidi ham ta'mi ham shirin.
- Qur'on o'qib unga amal qilmaydigan inson rayhonga o'xshaydi, hidi shirin, ta'mi achchiq.
- Qur'on o'qimasada unga amal qiladigan inson xurmoga o'xshaydi, ta'mi shirin, hidi yo'q.
- Qur'on o'qimaydigan va unga amal ham qilmaydigan inson achchiq o'tga o'xshaydi, hidi ham yoqimsiz, ta'mi ham achchiq.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 27 Iyul 2014, 07:03:07
Hijriy 1435-yil Ramazon oyining so'nggi taroveh namozida ahli ilm ustozlardan biridan yaxshi ma'lumot eshitdik. Qisqagina, lekin biz uchun judayam ulkan ma'lumot va xushxabar bo'ldi. Buni internetdagi insonlar bilan baham ko'rishni lozim topdik.

Ramazon oyining dastlabki o'n kunligi rahmat, o'rta o'n kunligi mag'firat va oxirgi o'n kunligi do'zaxdan ozod qilinish ekanligini avvaldan bilamiz. Qo'shimcha tinglaganimiz quyidagilar bo'ldi:
Allohning eng taqvodor va solih bandalariga Ramazonning dastlabki o'n kunidayoq ro'zaning sharofati bilan Allohning rahmati nasib etar ekan. Savob amallari gunohlaridan ko'proq bo'lgan bandalar o'rta o'n kunlikda ro'zaning sharofati bilan mag'firat qilinib, gunohlardan poklanar ekan. Gunohlari savoblaridan ko'proq bo'lgan bandalar esa oxirgi o'n kunlikda ro'zaning sharofati bilan do'zaxdan ozod qilinar ekan.
Ramazon oyining ushbu so'nggi kunida Allohdan iltijo qilib so'raymiz. Zikr qilingan uch toifa bandalarning hech bo'lmasa oxirgisi bo'lish nasib qilgan bo'lsin! Tan olamiz, ko'plarimizning gunohlarimiz savoblarimizdan ko'proq. Ammo, o'ta mehribon bo'lgan Parvardigorimizning marhamati judayam kengdir! Keyingi Ramazonga yetib borishimizga kafolat yo'q. Alloh taolo biz ojiz va gunohkor bandalarni yozning issiq kunlarida tutgan ro'zalarimiz tufayli O'z rahmati va mag'firati bilan qalblarimizni nurga to'ldirib, do'zaxdan ozod qilinganlar qatorida qilsin!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 27 Iyul 2014, 10:53:20
Germaniya, "G" harfi va 7 raqami

* Braziliyada o'tgan jahon chempionatida "G" guruhidan yoki 7-guruhdan joy olgan Germaniya terma jamoasi finaldagi g'alaba to'pini qo'shimcha taymlar tugashiga 7 daqiqa qolganda kiritdi.
* "G" harfi ingliz alifbosida 7-harfdir. Inglizchada Germany so'zi 7 harfdan iborat. Terma jamoa guruhda 7ta gol kiritib 7 ochko to'pladi. Yarim finalda mezbonlar darvozasiga ham 7ta gol kiritgan.
* Chempionat o'tkazilgan yilni barcha natural sonlari yig'indisi 7ga teng: 2+0+1+4=7.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 18 Avgust 2014, 12:11:29
Kecha bir yigit kelishuvga binoan uyimizga mashinada narsa tashlab ketdi. Shafyo'r yigit o'sha payt mendan so'radi:
- Aka, sizlarda gugurt topiladimi?
- Topiladi. Nima uchun kerak?
- Sigaret tutatib olardim...
- Sigaret uchun berolmaymiz.

Agar boshqa narsa uchun bo'lganida bitta gugurt nima bo'libdi, albatta berib yuborardim. Lekin, inson jamiyatga zarar keltiradigan narsalardan chetda bo'lishidan tashqari, o'sha narsalarga qarshi kurashishi ham kerak. U yigit baribir boshqa joydan gugurt topib, sigaret chekaveradi. Ammo, agar men gugurt olib chiqib berganimda mendan ikkita nojo'ya ish sodir bo'lardi. Birinchisi, uning sog'ligiga zarar yetishida o'z hissamni qo'shish. Ikkinchisi, jamiyat va el-yurt oldida vazifam hisoblangan "Yomon illatlarga qarshi kurashish"ga zid ish qilgan bo'laman. Inson bir illatni tag-tomiri bilan qo'porib tashlolmasa ham, unga qarshi ekanligini amalda ko'rsatib berishi lozimdir.
Ibrohim alayhissalomni olovda yoqish uchun kofirlar o'tin to'plashayotganda, bir chumoli og'zida suv olib ketayotgan ekan. Undan so'rashibdi:
- Suvni qayoqqa olib ketyapsan?
- Olovni o'chirish uchun...
- O'zing mitti jonzot bo'lsang, og'zingdagi yarim tomchi ham chiqmaydigan suv bilan katta gulhanni qanday o'chirasan?
- Olovni o'chirolmasam ham, hech bo'lmasa kim tomonda ekanligimni ko'rsatyapmanku!

Bir hadisda dunyodagi barcha insonlar ikki xil bo'lishi zikr qilingan:
1. Yaxshiliklarga kalit, yomonliklarga qulf.
2. Yaxshiliklarga qulf, yomonliklarga kalit.
Birinchi turdagi insonlarga jannat, ikkinchilariga la'nat bo'lsin, deyiladi.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 29 Mart 2015, 11:07:22
Qafasdagi ruh

<<Va sendan ruh haqida so'rarlar. Sen: <<Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir>>, deb ayt>>. (Isro surasi, 85-oyat)

Siz qaysi kasbda yoki qaysi lavozimda bo'lishingizdan qat'iy nazar, saodatga, qalb rohatiga, sokin xotirjamlikka erishishingiz hozir boshlagan mavzuyimizga bog'liqdir. Boymisiz yoki faqir, shifokormisiz yoki jurnalist, arxitektormisiz yoki o'qituvchi, kim bo'lishingizdan qat'iy nazar, mukarram insonsiz. Sizda dunyodagi eng baxtli odamlardan biri bo'lish imkoniyati naqd turibdi. Ishoning, hatto sizga jannatdan joy tayyorlangan. O'zingiz beparvolik qilib, imkoniyatlarni qo'ldan boy berasiz, xolos.
Ma'lumki, inson jism va ruhdan iborat. Qachon ular bir-biridan ajralsa o'lim sodir bo'ladi. Har bir narsani moddiy va ma'naviy ahamiyati bo'lganidek inson ham jism va ruhiyatdan tashkil topadi. Odatda moddiy narsalar foniy, ma'naviy narsalar boqiy bo'ladi. Oshqozonga shirin taom kirsa, badan rohatlanadi. Qalbga xursandchilik kirsa, ruh rohatlanadi. Jismoniy lazzat yodga olish bilan takrorlanmaydi, ruhiy lazzat esa har eslaganda rohat beradi.
Ruhning mavjudligi haqida olimlarning deyarli hammasi shubha qilmaydi. Uning qanaqaligini bilmasak ham tanamizni u boshqarib turganini his qilamiz. Jism harakatlarini to'liq boshqarib turadigan tartibli bir mehanizm borligiga aminmiz. Chunki, o'liklarda hamma jismoniy narsalar yetarli bo'lsada, jon yo'qligi uchun yashashdan to'xtab qolgan. Jism mana shu yashab turgan olamimizda paydo bo'lib, shu dunyoda yo'q bo'lib ketadi. Ruh esa boshqa bir olamdan vaqtinchalik jism qafasida yashash uchun kelgan, xolos. Muddati tugaganda o'z olamiga ravona bo'ladi.
Marhamat qilib ko'zguga qaraymiz. Kimni ko'ryapmiz? Yuzlari nurli, qomatlari kelishgan, ko'zlari chaqnagan bir inson. Sizni bunchalik tarovatli qilib turgan narsa - ko'rinmas ruhdir. Agar ruh bo'lmasa badan tezda sasib ketadi. Kamondek qoshlaringiz, tiniq yuzlaringiz sizda ruh borligini anglatib turibdi. Siz oltimish-yetmish yil yashab, tuproqqa aylanib, yo'qlik ummoniga g'arq bo'ladigan jonzot emas, tez orada boshqa bir olamga ketadigan mehmonsiz. Sizda bashariyat aqli bovar qilmagan, ilm-fan hali yetib borolmagan bir o'zlik bor. Bu olamda bir musofirsiz. Har bir musofirning ketadigan joyi, o'z o'lkasi bo'lganidek sizni ham o'z yurtingiz bor. Haqiqiy yurtingizki, unda aql bovar qilmas hayot bor. Ruhga aqlimiz yetmagach uning borar manziliga qayerdan aqlimiz yetsin? Lekin, borar manzilning borligi aniq. U manzilda sizga joy tayyorlab qo'yilgani ham aniq. Chunki, har bir boruvchiga bir manzil bo'ladi. U manzil esa boruvchiga mos bo'ladi - yaxshiga yaxshi, yomonga yomon. Sizga tiriklik bahsh etib turgan narsa o'limdan so'ng ham birga bo'ladi. Aslida haqiqiy mag'zingiz o'sha ekanligini vafot qilganda guvohi bo'lasiz. Siz jismni tark etasiz, xuddi ipak qurtidan kapalak uchgandek. Qafasdan ozod bo'lasiz, dunyo torligidan bir kenglikka chiqasiz. Jismingiz eski kiyim singari pastda qolib ketadi, endi u sizga kerak emas. Yaqinlaringiz sizga motam tutishadi, aslida esa siz zindondan ozod bo'lgan bo'lasiz. Siz chiqib qolgan kenglik haqiqiy olam bo'lib, uni oldida hozirgi dunyo bir yong'oqchalik kichkina bo'lib qoladi.
Lekin, sizni bu dunyo torligiga bekorga jo'natishmagandir? Albatta, siz hozir imtixondan o'tyapsiz. Qilayotgan har bir ishingiz to'g'rimi yoki egrimi, javob berasiz. Nafaqat bu dunyo, hatto o'z jismingiz ruh uchun imtixondir. Siz mashinani boshqarganingiz kabi ruh jismni boshqaradi. Har bir harakatingiz uchun bir kun kelib javob berasiz. Sizni jism va ruh qilib jamlab qo'ygan bir kuch sizni hisob-kitob qilishga ham qodir bo'ladi.
Mavlono Jaloliddin Rumiy xazratlari Masnaviyda keltirgan hikoyalaridan birida aynan ruhga ishora qiladi. Bir to'tiqush qafasdan qutilish uchun o'zini o'lik qilib ko'rsatadi. Buni ko'rgan egasi uni qafasdan chiqarib qo'ysa, u uchib ketadi. Ya'ni, jism qafasidan qutilish uchun o'lish kerak. Yomon ishlarga buyuruvchi nafs jismdandir. Undan qutilish uchun o'zingizni o'likdek tasavvur eting. Ruhingizni nafs qamog'idan ozod qiling. To'tiqush o'zini o'likka solmaguncha qafasdan ozod bo'lmaganidek, siz ham nafsni oldida ruhingizni o'likdek tutmaguncha undan ozod bo'lolmaysiz. <<O'lmasdan oldin o'ling>> degan hadis aynan nafsni jilovlash haqidadir. Bu gaplarda o'z joniga qasd qilish ma'nosi umuman yo'q. Ruh nafsdan ozod bo'lish bilan rohat topadi. Nafs esa ruhga zarar keltirish bilan rohat topadi. Kimda qaysi biri g'olib kelsa, ikkinchisi jabr ko'radi. Bilingki, sizda nafs g'olib kelayotgan bo'lsa ruhingiz jabrdadir. Aslingizni nafsingizdan qutqaring!
Agar inson ruhning mavjudligiga ishonsa va u bilan o'limdan keyingi safarga otlanishi haqida tafakkur qilsa, bu dunyodagi kulfatlarga parvo qilmaydi. O'zini ezguliklar bilan baxtiyor his etadi. Yaxshiliklarda bardavom bo'ladi. Insonlar uchun juda katta musibat bo'lgan narsalar ham ruhiy-ma'naviy tushunchalar oldida o'z vaznini yo'qotadi. Har qanday holatda ham tushkunlikka tushmasdan olg'a intilishga chorlaydi.
Biz jismoniy narsalarga shu qadar kirishib ketganmizki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilolmaymiz. Chunki, tasavvurimiz bundan boshqa bir hayotni ko'rmagan. Lekin, moddiy narsalar ma'naviyat oldida bir asbob ekanligi oddiy misollarda o'z tasdig'ini topadi. Arra, randa, tesha bo'lgani bilan bitta duradgor bo'lmasa hech qanday ish sodir bo'lmaydi. Ish bajaruvchi - ma'naviyatdir. Jism uning xizmatkori, xolos. Shunday ekan baxt-soadatni jismoniy rohatdan emas, ruhoniy farog'atdan topishimiz kerak.
Dunyoda milliardlab insonlar yashayotgan bo'lsa, ularning hammasida yuqorida aytganimizdek nafis ruh bor. Ko'chada tanish-notanish ko'p insonlarni ko'raman. Jism ruhga xizmat qilish o'rniga ruh jismga xizmat qilmoqda. Bu ruh uchun judayam achinarli holat. Jismni har qancha semirtirmaylik oxiri tuproqqa aylanadi. Biz ruhni yuksaltirishimiz zarur. Ruh jismni boshqarish bilan yuksaladi, unga bo'ysunish bilan xor bo'ladi. Bu balandparvoz gaplar emas, hayotimizda har kuni sodir bo'layotgan voqealarning asl haqiqatidir. Qachon biz jism xohshiga bo'ysunsak u ishimiz insoniylik sifatlari oldida illat sanaladi. Qachon ruhan ish bajarsak fazilat sanaladi. Bizda ruhning boqiy olamdagi hayotiga ishonch bo'lsagina ijobiy hislatlarni o'zimizda jamlaymiz. Aks holda jism va nafs qafasida qolib ketamiz.
Ruhiy barkamollikni maqsad qilganlar har qanday musibat va qiyinchiliklarga parvo qilmaydi. Turmushda, ishxonada, ko'cha-ko'yda duch kelayotgan muammolarga vazmin kayfiyatda yondashadi. Ba'zi insonlar o'limdan qo'rqishadi, lekin unga tayyorgarlik ko'rmaydi. Ruhiy kamolotga yetgan zotlar esa o'limdan qo'rqishmaydi, lekin unga tayyorgarlik ko'rishadi.
Uyqu kichik o'limdir. Asta sekin qovoqlar og'irlashib, ko'zlar yumiladi. Ruh jismni vaqtincha tark etadi. Haqiqiy o'lim ham shunday sodir bo'ladi, ammo ruh bu safar jismni manguga tark qiladi. Jon chiqishi ruhiy kamolot topganlarda juda oson kechadi, nafsiga qul bo'lganlarda esa azob-uqubatlar o'chog'i bo'ladi.

Bir bog'ga ikkita o'g'ri tushibdi. Bittasini oyog'i shol, bittasi ko'r. Shol aytibdi: <<Men olmani ko'ryapman, lekin ololmayman>>. Ko'r aytibdi: <<Men olishim mumkin, lekin ko'rmayapman>>. Nihoyat, bir yo'lini topishibdi. Ko'r sholni ko'taribdi, shol yo'l ko'rsatibdi. Shunday qilib o'g'irlik sodir etilibdi. Bu holatda ikkalasi ham aybdor deb topilibdi.
Bizdagi jism va ruh xuddi shunga o'xshaydi. Ezgulik ham, yovuzlik ham jism va ruhning kelishuvi bilan sodir bo'ladi.
Ko'zyosh to'kayotgan ko'zlar yig'layotgan ruhdir. Tabassum qilayotgan yuzlar quvnayotgan ruhdir. Jismimiz ruhning kayfiyatini tasvirlab beruvchi, xolos. Tashqi ko'rinishda moda va dizaynga sho'ng'ib ketgan ko'p yoshlarimiz tuproqqa aylanib ketadigan jismga jilva berish bilan mashg'ul bo'lib, asl mohiyat bo'lmish ruhni unutib qo'ymoqdalar. Albatta, tashqi go'zallikka e'tibor berish kerak, lekin ichki go'zallik yoddan chiqib ketmasligi kerak. Tashqi go'zallik umr o'tgan sari so'nib boradi, ichki go'zallik esa vaqt o'tgan sari yanada go'zallashib boradi.
Biz qafasdagi ruhmiz. Qafasni ming tillolar bilan bezatsak ham, bir kun uni tashlab ketishimiz bor. Kuzda issiq o'lkalarga uchib ketgan qushlardan qolib ketgan inlarni ko'rganmisiz? Bu inlar endi kimga kerak? Bizning jism qafasimiz ham vaqtinchalik in, xolos. Uni qancha bezatsak ham ortimizda qolib ketadi. Jism qafasini faqat kerakli darajada yuksaltirib, asosiy e'tiborni ruhiy kamolotga qaratgan insonlar yer yuzining qaysi burchagida bo'lsa ham, qanday sharoitda, qanday lavozimda, qanday yoshda, qanday mushkulotda bo'lsa ham, o'zlarini har nafas baxtli his qila oladilar. Hammamizga ana shunday ruhiy barkamollik tilab qolaman!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 19 Aprel 2015, 14:19:25
O'lchov

O'lchovdan urib qolish faqatgina tarozida emas, har qanday joyda yuz berishi mumkin. Bunday insonlar Qur'onda "Mutoffifun" (O'lchovdan urib qoluvchilar) deb ataladi. Tijoratchi foydalanish maqsadida molni olib kelib, undan biror narsani olib qolgan holda sotishi ham o'lchovdan urib qolishdir. Chunki, sotib olayotgan inson bu narsani ishlab chiqarilgan yangi holatda degan niyat bilan sotib oladi. Masalan, bir choynakni ustidagi o'ramini yoki karobkasini olib tashlab sotayotgan bo'lsa buni sotib oluvchiga ma'lum qilishi kerak. Har xil texnik jihozlar sotadigan tijoratchilar ham qurilma bilan birga kelgan uskunalardan birortasini olib qo'yishi mumkin emas. Nima bo'lganda ham xaridordan maxsulot haqida biror kamchilik, hatto arzimas kamchilik bo'lsa ham noma'lum bo'lmasligi lozim. Ana shunda hammasi adolatli bo'ladi.
Do'kondagi sherigimning bir tanishi sherigimdan bitta gugurt ishlatib olishni iltimos qildi. Ishlatib olgach gugurtni sotiladigan rastaga qaytarib qo'ydi. Men u gugurtni alohida nazarga olib qo'ydim. Ya'ni, bundan bir dona cho'p ishlatildi. Keyinroq bir xaridorga qaytim sifatida o'sha gugurtni berdim va bundan bir dona ishlatilganini aytdim. Xaridor "Nima bo'pti?" degandek kulimsirab qo'ydi. Men esa o'lchovdan urib qoluvchilardan bo'lmaganimdan xursand bo'ldim.
Mavridi kelganda eslab o'tsak, o'lchovdan urib qolish judayam keng masala. Faqat savdogarlikda emas, har qanday sohada bu narsa mavjud. Har bir shaxs o'z mas'uliyatida nuqsonga yo'l qo'yishi o'lchovdan urib qolish hisoblanadi. Ishga kech qolish, elektr, suv, gaz to'lovlarini vaqtida to'lamaslik, yo'l harakati qoidalarini buzish, darsga oxirigacha qatnashmaslik, ota-onaga, ahli ayol va farzandlarga yetarli darajada e'tibor berolmaslik, xalqiga o'z sohasi bo'yicha yetarlicha xizmat ko'rsatmaslik, yashab turgan joyidagi qonuniy nizomlarga amal qilmaslik, tabiiy va sun'iy ne'matlarni tejamaslik, suv va havoni qasddan ifloslantirish, jamiyatga moddiy, ma'naviy va tarbiyaviy yo'llar bilan zarar yetkazish, hattoki vaqtida ovqatlanmaslik va uxlamaslik ham o'lchovdan urib qolishdir. Nafsni jilovlash aynan o'lchovlarni joyiga qo'yish bilan bo'ladi. Yuksak darajalarga mana shunday parhezkorlik, tartib-intizom bilan yetishiladi.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 21 Aprel 2015, 13:35:13
Ajoyib odamlar

Sotuvchilarning yarmidan ko'pi ayollar bo'lganligi uchun ularni gaplariga quloq solmasangiz ham u joyda quloqlaringizga chalinib turishi tabiiy hol. Bir sotuvchi ayolning gaplari meni hayron qoldirdi:
- Ertalabda ikkita bolamni ovqatlantirib maktabga jo'nataman, do'kondan qaytib kir yuvaman, non yopaman, idishlarni yuvaman. Erimni ham qo'shsam uchta bolam bor desam ham bo'ladi...
Bir kulgingiz keladi, bir achinasiz. Xotinga yuk bo'layotgan er tushmagur yana xotin-qizlarni qo'l uchida ko'rsatib xaqoratlab ham qo'yadi. Ayollarni bunchalik xo'rlashga nima haqlari bor edi? Erkak ekanligidan o'zicha faxrlanayotganlar erkak nomiga noloyiq turganligidan bexabarmi?

Yana bir odamni ko'rdim. Xotinining do'konini ochib o'tiribdi bekorchilikdan. Ayollarni narsalarini sotib o'tiribdi. Ko'rib men uyalib ketaman. Xotiniga "Musqaymoq olib berasanmi?" deyapdi. Ko'rinishidan tuppa tuzuk odam.

Yana bir er-xotin savdogarni ko'rdim. Ikkalasi bitta do'konda turishadi. Xotini arazlab onasini uyiga ketgan. Birga yashashmaydi. Lekin, ishda doimgidek gaplashaveradi. Hech narsa bo'lmagandek yurishaveradi. Ular uchun oila va biznes boshqa-boshqa narsa. Urishib qolgan er-xotinni ko'ngliga birgalikda savdo-sotiq qilish qanday sig'arkin? Birga fikr almashib do'kon uchun yangiliklar topishyapdi. Kechki payt esa ikkalasi ikki tomonga ketishadi. Shunaqasi ham bo'lar ekan.

Savdo yo'q paytda atrofdagi odamlarni kuzatib o'tirishdan boshqa iloji yo'q. Ularni kuzatish davomida ancha-muncha fikr-mulohazalar paydo bo'ladi. Bir ayol bog'cha yoshidagi qiziga qalin kiyinib olganini aytib, ustingdagini yechib yubor deyapdi. Kichkina, beg'ubor qizaloq esa yig'lab berdi. Nega yig'layapsan deyishsa, uyalaman deyapdi. Atrofdagilar esa bu holatni ko'rib kulishyapdi, mushtdek qiz ham uyaladimi, deb. Aslida o'zlarini ustidan kulish kerak, shu qizaloqchalik hayosi bo'lmagani uchun!

Ana shunaqa gaplar...
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 30 Aprel 2015, 15:20:23
Blogerlar chempionati haqida fikr-mulohazalar...

Tanlov judayam yaxshi tashkil qilingan va ikki safardan beri ancha qiziqarli tarzda o'tkazilib kelinyapdi ekan. Tashkilotchilar va ishtirokchilardagi harakatchanlik odamni quvontiradi. O'zbek internet olamida yana bir muhim yuksalish ko'zga tashlanib borayotganidan xursandmiz. Har xil sohalardagi qiziqarli maqolalar internet yuzini ko'rish bilan birga xalqimiz orasidagi ochilmagan iste'dod g'unchalari gullab-yashnashiga bir imkoniyat paydo bo'lmoqda. Ko'pchilik singari menga ham bu tanlov judayam yoqdi. Insonni erkin fikrlashga, qalbdagi chuqur mulohazalarni boshqalarga yetkazib berishga chorlaydi. Yuqori o'rinlarni yoki ma'lum miqdordagi mukofotni qo'lga kiritish unchalik muhim emas. Asosiysi, xalqimizda, ayniqsa yoshlarda yozuvchilik, intiluvchanlik va samimiylik sifatlarini jonlantiradi. Bundan tashqari, jamiyatda hamjihatlikka erishish, muammolarning yechimlarini bir-birimizga ulashish imkonini beradi. Tashkilotchi va hamkorlar tarafidan berilgan sovrinlar esa qalam sohiblarini yanada rag'batlantiradi.

Tanlovda baholash tizimi bo'yicha bir qancha fikrlar bo'libdi. Shu qatorda muxlis sifatida men ham o'zimning ojizona taklifimni (programmamni) bildirib o'tmoqchiman.
Bloglar sahifasining ko'rinishini o'zgartirish kerak. Oxirgi yozilgan bloglar sahifa boshida, qolganlari esa pastda qolib ketishi ba'zi bloglarning nazardan chetda qolib ketishiga sabab bo'lishi mumkin. Faqat hakamlar hammasini bir chekadan ko'rib chiqishadi, xolos. Bloger va mushtariylar hammasini o'qib chiqolmasliklari mumkin. Hech bo'lmasa blogpostning nomi odamlarni jalb qilishi kerak. Buning uchun esa hamma bloglar bosh sahifaning birinchi betida besh-olti va undan ko'p qatorlik ro'yxat bo'lib turishi kerak. Avvalgi bloglar keyingi sahifalarda qolib ketmasligi lozim. Yoki mavzularga bo'lib qo'yish kerak, oila, sport, adabiyot, iqtisod, texnika va xokazo. Blogpostlar ko'pligidan hamma bloglarni hamma ham bir chekadan o'qib chiqolmaydi. Bitta mavzuda hamma bloglar bir sahifada jamlanib tursa nomini bo'lsa ham o'qib chiqishadi. Qiziqtiradigan nom tanlagan blogerlar o'quvchilarni o'zlariga tortib olishga muvaffaq bo'lishlari mumkin.
Baholash tizimida esa qanday baho olinganidan tashqari nechta inson baho bergani ham e'tiborga ega bo'lishi kerak. Berilgan har bir baho miqdoridan tashqari ovoz beruvchilar sonini ham 0.1 ball hisobida qo'shib borish kerak. Bunda ishtirokchilar taniqli va notanish turkumiga bo'linib qolmasligi uchun bosqich yakuniga qadar blogpostlarning faqat sarlavhasi ko'rsatilsin, mualliflari ko'rsatilmasin. Blog mualliflari bosqich tugaguncha faqat ma'muriyatga ma'lum bo'ladi, xolos. Baho berayotganlar blogpost muallifining kimligini bilmasalar faqat blog uchun baho berishga majbur bo'ladilar. Baholash yakunlanib, bosqich natijalari ko'rsatilganda blog mualliflari ham ma'lum qilinadi.
Baholardan umumiy bahoni chiqarib olishda yuqorida aytganimdek qanday baho olingani bilan nechta baho olinganini bir-biriga qo'shish lozim. Masalan, 80 ta bahoga binoan o'rtacha 7.10 ball toplangan bo'lsa, 80 raqamini 0.1 ga ko'paytirib, to'plangan o'rtacha ballga qo'shilsa (7.10+8.0) 15.10 ball hosil bo'ladi. 55 ta bahoga binoan o'rtacha 9.20 ball to'plangan bo'lsa, unga 5.5 ni qo'shsak 14.70 ball bo'ladi. Shundagina ozchilik tomonidan yuqori baholangan blogpostlar ko'pchilik tomonidan baholangan blogpostlardan o'tib ketishi ancha qiyin bo'ladi. Yuqori baho olishdan tashqari nechta insonni o'z fikrlari bilan jalb qilganligi ham alohida e'tiborga sazovor bo'ladi.
Bu usulning men bilmagan salbiy tomonlari ham bo'lishi mumkin. Buni tashkilotchilar ko'rib chiqib, qisman bo'lsa ham inobatga olishlari mumkin.
Blogpostlarni o'qib oddiy xalq orasida ham yuksak tafakkur sohib va sohibalari ko'pligiga guvoh bo'ldik. Ma'naviy yuksalish sari qadamlar davom etib borayotganidan g'oyat mamnun bo'lmoqdamiz! Allohim ezgu amallarni bardavom qilsin!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 24 Iyul 2015, 22:09:27
Juma namozidan so'ng kitob do'koniga kirdim. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh xazratlarining kitoblaridan bir tanishim uchun bir nechta sotib oldim. 21000 so'm, 13000 so'm, 8500 so'm... Har safar kitob olgani kelganimda narxlar judayam arzon tuyiladi. Qarang, "Mo'minning najoti" yoki "Ochiq xat" kitobining narxi bir marta abed qilishga yetsa kerak. "Hadis va hayot"ni katta juzlaridan biri bir kilo go'shtni puliga bormayapdi. "Baxtiyor oila" kitobini avval borganimda 2-3 marta paynet qiladigan pulimizga beryotgan edi, hozir tugab qolibdi. Subhanalloh! Bu kitoblarning qadr-qimmati o'z og'irligidagi tillodan balandroq ekanligiga shubha yo'q. Biz notovonlarga bu qadar yengillik, bu qadar arzonlik Allohning marhamati, xazratimiz rohimahullohning buyuk xizmatlari va tinchligimiz sharofatidir. Kitob olib rohatlandim, mazza qildim. Alloh taolo bu ne'matlarni bardavom qilib, savoblaridan o'tkanlarning ruhlarini bahramand etib, qolganlarning qalblarini ixlosmand qilsin!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 28 Iyul 2015, 13:52:26
Bir kuni o'rangan yoshroq ayol men ketib borayotgan kirakash damas avtomashinasini to'xtatib, unga chiqmoqchi bo'ldi. Men shafyorni yonida ketyapman. O'rta o'rindiqdagi bir kishi u ayolni eng orqaga o'tishga taklif qildi. U joyda ikkita erkak va bitta bo'sh o'rindiq bor edi. Ayol u o'rindiqda erkaklar bo'lgani uchun "mutakallif"ning o'zi o'tib olishligini iltimos qildi. Haligi kishi befarosatlarcha "Nima bo'pti? Bo'sh joy borku, o'tavering." desa bo'ladimi?! Janob shafyor ham jim kuzatib o'tiribdi. Musulmon kirakash haloldan pul topib, tirikchilik qilayotgan mashinasida muslima ayollarning noqulay holatga tushishlariga yo'l qo'ymasligi kerak. Kirakash faqat texnikani emas ichki muhitni ham ro'lini boshqarishi shart emasmi? Odamlar mol-qo'y emasku, aralash-quralash chiqarib ketavergani. Yozning issiq kunlarida hamma yupqa kiyimlarda bo'lishi, terlashi, bir-biriga tegib ketishi bor. Agar o'zlari xohlab, men shu joyga o'tiraman desa, bu boshqa gap. Lekin, turishidan noqulaylikka tushayotganligi bilinib turgan yo'lovchilarni hech qachon bu ahvolda qoldirmaslik zarur.
Hurmatli shafyor akalar! Sizning ham qizingiz, ayolingiz, singlingiz shunday holatlarga tushishi bor. Sizning e'tiborsizligingiz tufayli sodir bo'lgan holatlar ahli ayolingizga qaytishi tayin.
Kirakash aka-ukalarga shu gaplarni imkon qadar yetkazib qo'yishlaringizni iltimos qilamiz!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 30 Noyabr 2015, 09:01:12
Ko'zlari ojiz bo'lsada, Alloh qalbini ko'r qilmagan, Qur'onga va Qur'on hofizlariga muhabbatli bo'lgan bir kichkina do'stim bor edi. Yoshi o'n birda, lekin kattalardek gapirardi. Duo qilishda imom domlalardek so'zga usta, arab-o'zbek tillarida go'zal duolar qilardi. Xotirasi judayam kuchli, bir marta ovozini eshitgan odamni bir necha oydan keyin ham taniy olardi. Biz bir hafta oldin ko'rgan odamimizni ko'rib, zo'rg'a eslaymiz. Yuzlab tanishlarini telefon raqamlarini yodda saqlab, klaviatura bilan bemalol terib, qo'ng'iroq qilaverardi. Bizga o'xshab kontaktga saqlab qo'yishga muhtoj emas. Qur'ondan tinglab, bir kunda bir betdan yodlardi. Qisqa suralar va ko'p o'qiladigan suralarni yodlab, Baqara surasini tugatib, Oli Imron va Kahfni yodlayotgan edi. Uzun-uzun she'rlarni adashmasdan, tutilmasdan aytib berardi. Ko'zlari ojiz bo'lishiga qaramasdan bu yil namoz o'qishni boshlagan edi. Odamlar bilan muomala qilishda ham mendan ancha yaxshi edi. Qayerda qaysi imom, qaysi qori borligini bilsa ular bilan ko'rishsa, telefon raqamlarini olishga harakat qilar, do'stlashishga, hamsuhbat bo'lishga oshiqar edi. Mashhur qorilardan Mishari ibn Roshid Al-afasiyning qiroatlarini sevib tinglardi. Kamina bilan ham Al-afasiyni yoqtirganimni o'rqasidan tanishgan, telefon raqamimni olib, qo'ng'iroq qilgan. Uyimizda bir necha marta mehmon bo'lgan, kaminaning nikoh to'yimga ham tashrif buyurgan. Telefonda ham, yuzma-yuz bo'lganda ham ich-ichidan har xil savollar, fikrlar otilib chiqardi. Qo'limdan kelganicha, uning yoshbolaligini hisobga olib javob berishga harakat qilardim. U esa meni hayron qoldirib, kattalardek javob qaytarardi. Boshqa do'stlari bilan ham xuddi shunday qiziqish va mehr-muhabbat bilan gaplashar edi. Uylanishimdan oldin tez-tez gaplashib turardik. Oila qurganimdan so'ng ishlarim ko'payib, mashg'ulligim ortib ketdi. U bilan ham kamroq gaplashadigan bo'lib qoldik. Oxirgi paytlarda judayam oz suhbatlashdik. Qur'onni tinglab yodlayotgani uchun mendan qaysi bet qaysi oyatdan boshlanib, qaysi oyatdan tugashligini so'rab turardi. So'nggi kunlari hech qo'ng'iroq qilmay qo'ydi. 29-noyabr kuni kechqurun o'zim qo'ng'iroq qilib, hol-ahvol so'ramoqchi bo'ldim. Telefonini ayol kishi (ayasi yoki buvisi) oldi. Uni so'rasam, bir necha kunlar oldin olamdan o'tganligini aytib, ovozlariga yig'i aralashdi. Umuman kutilmagan holatda eshitilgan xabardan ko'z yoshlarimni zo'rg'a yashirdim. "Alloh rahmatiga olsin! Alloh sabr bersin!" deb suhbatni tugatdim. Men qanday do'st bo'ldim? Oldinroq xabar olsam bo'lmasmidi? Nega doim u qo'ng'iroq qilishi kerak? Hol-ahvol so'rashga, tez-tez holidan xabar olib turishga u muhtojroq ediku... O'lim yosh tanlamasligi, har soniya qaysidir qadrdonimizdan ayrilish ehtimoli borligi yana bir bor o'z isbotini topdi. Yaqinlarimizni borida qadrlashni yo'lga qo'yishimiz kerak ekan. E'tiborsizlik, beparvolik, dunyoga mashg'ullik bilan bizga muhabbat qilgan insonlardan g'aflatda qolib ketamiz. Hatto, janozasiga ham yetisholmay qolamiz.
Ey Robbimiz! Kalominga muhabbat qilgan ko'zlari ojiz bandangni rahmatinga ol! Qabrlarini iymon va Qur'on nurlari bilan munavvar qil! Biz g'ofillarga ofiyat berib, O'zing muhabbat qilgan zotlarga muhabbat qilishga tavfiq ber!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 05 Dekabr 2015, 17:44:52
Oxirgi nafasim qanday bo'larkin? Oxirgi holatim, so'nggi lahzam qanday bo'larkin? Bu dunyoda oxirgi marta ko'zlarim nimani ko'rarkin? Oxirgi eshitganim nima bo'larkin? Oxirgi amalim qanday bo'larkin? Oxirgi xotimam, umrimning so'nggi qanday kayfiyatda bo'larkin? Oxirgi suhbatim, oxirgi fikrim, oxirgi niyatim, oxirgi e'tiqodim qanday bo'larkin? Tilimdan chiqadigan oxirgi so'zim nima bo'larkin? Oxirgi qadamim va so'nggi manzilim qanday bo'larkin? Telefonda oxirgi marta gaplashganim, internetda so'nggi yozuvim, postlarga bildirgan so'nggi izohim, oxirgi "Yoqdi"ni bosganim qaysi bo'larkin? Oxirgi o'qigan postim, oxirgi o'qigan kitobim, oxirgi ushlagan narsam qaysi bo'larkin? Oxirgi marta yig'laganim, so'nggi bora kulganim, oxirgi quvonganimu so'nggi xafaligim nimadan bo'larkin? Oxirgi kunim, oxirgi daqiqam, so'nggi soniyam... Oxirgi holat judayam muhim! Umrni qanday o'tkazganimizga ko'ra xotima topamiz. Oqibatimiz, so'nggi lahzalarimiz xayrli bo'lsin!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 14 Dekabr 2015, 21:38:48
Oxirat azobidan qutqarishini Allohdan so'raydigan, ammo gunohlarda davom etaveradigan odamni Imom G'azzoliy xazratlari bunday ta'riflagan ekanlar: "Bir odam sahroda yirtqich hayvondan qochib ketayotsa, yo'lidan devorlari baland, darvozalari mustahkam bir qal'a chiqib qoladi. U odam qal'ani darvozasi yoniga kelib, ichkariga kirmasdan: "Yirtqichning yomonligidan devorlari baland, darvozasi mustahkam qal'aning menga panoh berishini so'rayman", deb duo qiladi. Avval qal'aga kirib, keyin duo qilishi kerak edi. Haligi odamlar ham xuddi shu odamga o'xshaydilar. Allohning buyruqlarini bajarish bilan din qal'asiga kirib olib, keyin panoh so'rashlari kerak".
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 04 Yanvar 2016, 07:19:01
Agar biz ne'matlar Allohdan ekanligini bilmasak, hayvondan farqimiz qolmaydi. Agar biz ne'matlarni Allohdan deb bilsag-u, Allohni unutsak, hayvondan ham battar bo'lamiz. Biror itga har kuni suyak berib tursangiz, u sizni yaxshi ko'rib qoladi, doim taniydi, vafodorga aylanadi. Chunki, u o'ziga rohat bo'lgan yegulikni siz berishingizni biladi.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 04 Yanvar 2016, 13:52:01
Bir boy insonni vafodor iti va unga qaraydigan xizmatkori bo'ladi. Taqdirning taqozosi bilan boy kasodga uchrab tilanchiga aylanadi, xizmatkor esa boyib ketadi. Sobiq boy yo'lda tilanchilik qilib yursa, bir import mashinadan boyib ketgan xizmatkor bilan haligi iti tushib keladi. Sobiq xizmatkor tilanchini tanimay o'tib ketadi. It esa to uyga kirib ketgunlaricha tilanchidan ko'zini uzolmasdi...
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 04 Yanvar 2016, 19:36:48
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam payg'ambar bo'lgan vaqtlarida Ka'batullohning atrofi uch yuzdan ortiq butlar bilan to'lgan edi. Payg'ambarimiz alayhissalom u butlarini qo'llari bilan sindirmaganlar, odamlarning qalbida ularga bo'lgan buzuq e'tiqodni sindirishga harakat qilganlar. Oqibatda o'sha butlarni odamlarning o'zlari uloqtirib, sindirib tashlaganlar. Haqiqiy da'vat mana shunday bo'ladi. Insonlarni qalblarini poklamasdan turib hech narsaga erishib bo'lmaydi. Qurol ishlatib, dinni yoyaman deb da'vo qilayotganlar haq ekanmi, yoki odamlarning qalbini isloh qilishga xizmat qilayotgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh kabi ulamolarning yo'llari haq ekanmi? Albatta, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak yo'llarini tutganlar haq bo'ladilar!  Prezidentimiz aytganlaridek, jaholatga qarshi ma'naviyat bilan kurashish kerak, portlatish, qatl qilish, urush chiqarish, norozilik namoyishlari, buzg'unchiliklar bilan emas.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 06 Yanvar 2016, 09:27:12
Vahiyning kotibi, nozil bo'layotgan Qur'on oyatlarini yozib turuvchi bir kishi bor edi. Mushriklar mol-dunyo bilan uni o'zlariga og'dirib olishdi. U bir kuni mast holda: "Men Muhammadga nozil bo'lgan narsaga o'zimdan kalimalar qo'shib yubordim. Ular meni kalomimni oyat deb tilavat qilishmoqda", deb masxara qildi. Aslida esa Alloh taolo hargiz bunga yo'l qo'ymagan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishiga Alloh kifoya qilishini aytdilar. U tez orada vafot etdi va yerga ko'mildi. Ammo, yer uni qabul qilmay tashqariga chiqarib qo'ydi. Uch marta takror ko'mib ketishganda ham tepaga chiqib qolaverdi. Oxiri shu holda tashlab ketishdi. Yuziga itlar bavl qilib, sasib, chirib, xor bo'ldi.
Har qanday sharafli ishga sazovor bo'lganda ham inson hidoyatdan burilib ketishi mumkinligidan xavfda, duo-iltijoda bo'lishi zarur ekan.

"Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan so'ng qalblarimizni og'dirmagin va bizga O'z huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta Sening O'zing ko'plab ato qiluvchisan." (Oli Imron, 8-oyat)
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 28 Yanvar 2016, 07:17:08
Turmushga chiqqan o'zbek qizining misoli, ishi sudga oshirilgan ayblanuvchidir. Qaynona - qoralovchi. Qaynota - oqlovchi. Ovsinlar - guvoh. Kuyov - sudya ))
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 31 Yanvar 2016, 20:51:13
Xazrati Muso alayhissalom yigitlik vaqtida Misrdan bosh olib chiqib ketib, Madyan degan joyga boradi. Vatanidan, oilasidan ayrilgan, mol-mulki yo'q, boshpanasi yo'q bir holatda daraxtning soyasiga o'tirib, Allohga nima deb duo qilganiga e'tibor bering: "Ey Robbim! Men uchun nima yaxshilikni tushursang shunga muhtojman" (Qosos surasi, 24-oyatidan). Falon-falon narsaga xojatim bor demayapdi. Bizga o'xshab tan sihatlik, mo'l rizq, uzoq umr, ketmas boylik so'ramayapdi. Allohdan nima xayriyat kelishi mumkin bo'lsa, o'shani so'rayapdi. Uzoq umr yoki ketmas boylik bizga yaxshilik bo'lishini qayerdan bilamiz? Salomat bo'lib bir yomon ishga qo'l urib qo'yganimizdan ko'ra kasal bo'lib shu ishni qilolmay qolganimiz yaxshi emasmi? Taqdirimizda qanday kunlar, qanaqa sinovlar borligini bilmaymiz. Biz so'rayotgan dunyoviy narsalar o'zimizga qiyinchilik tug'dirishi mumkin. Undan ko'ra duo qilishda payg'ambarlardan o'rnak olaylik. "Ey Robbimiz! Biz uchun nima yaxshilik tushursang shunga muhtojmiz".
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 09 Fevral 2016, 17:19:21
Tug'ilgan kunlarga unchalik e'tibor bermayman. Bir hafsala qilsam, uzoq umr, sihat-salomatlik tilashim mumkin. Tabriklash, sovg'a berish odatlarim yo'q. Ammo, tarixda shunday zotlar o'tganki, ularning tavalludlari katta marosimlar, ilmiy-ma'rifiy kechalar o'tkazishga arziydi. Ular qoldirib ketgan ilmiy meros butun insoniyatga tengsiz ozuqa bo'ladi. Ularning bosib o'tgan yo'llari, ijodlari olamga tatiydi. Mamlakatimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa bir qator ajdodlarimiz qatorida Alisher Navoiy xazratlarining tavalludlari ham o'zgacha nishonlanadi. Shu bilan birgalikda ularning hayotlari o'rganiladi, ijodlari xotirlanadi, xalqqa yetkaziladi.
Boshlang'ich sinflarda o'qiyotganimizda Alisher Navoiy tavalludiga bag'ishlangan sahna ko'rinishida qatnashganim yodimda. O'shanda dadamning masjiddagi sallasini maktabga olib borganman. Shu xotiralarni eslab, xalqimizning Navoiy xazratlariga bo'lgan muhabbatini xis qildim.
Shu o'rinda yana bir nuqta borki, buni gapirmasdan o'tib ketolmadim. Buyuk bobokalonimizga muhabbat qo'ygan Navoiyxonlar, shoirlar, hofizlar va boshqa soha vakillari judayam ko'p. Xazratning g'azallarini chin yurakdan o'qib, ohanglarga soladigan, butun a'zoyi badani bilan kirishib asarlarini hirgoya qiladigan insonlar bor. Hatto, ul zotdan ta'sirlanib, oila qurmay o'tayotganlar ham bor. Lekin, ba'zilari shariat hukmlarini pisand qilmaydilar. Aroq ichib olib, Navoiyni g'azallarini kuyga solayotgan hofizlarni ko'rganmiz. Boshida ro'moli yo'g'u, ilohiy ishq haqida g'azal o'qiydigan ayollar bor. Agar shularni birortasini Alisher Navoiy xazratlari ko'rganda nima derdilar? Albatta, avlodlarini tanimay qolardilar. Ul zot faqat she'riyatda emas, dinda ham buyuk olim olganlar. Bobolarimiz, buyuk ajdodlarimiz, vatandoshimiz deb fahrlanish bilan hech nimaga erishib bo'lmaydi. Ularning tutgan yo'llarini hayotimizga tatbiq qilishimiz zarur. Kalta yupka bilan Navoiyning avlodimiz deyish judayam achinarli hol. Har birimiz buyuk vatanning buyuk ajdodlariga loyiq avlod bo'lishga mas'ulmiz!
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 13 Fevral 2016, 21:31:49
"Bolalarni asraylik" (Save the Children) xalqaro tashkiloti AQSHdagi 15-17 yashar o'smirlarning 85 foizi, Kanada yoshlarining 93 foizi internetdan muntazam foydalanishini e'lon qildi.

Buzg'unchilikka targ'ib qiladigan saytlar soni hozirgi kunda 7000 dan ortib ketdi.

AQSHda qayd etilayotgan har beshta ajrimdan bittasiga ijtimoiy tarmoqlar sabab bo'lmoqda.

Dunyo aholisining sal kam 3 milliard qismi ijtimoiy tarmoqlar a'zosidir.

"Facebook"da 1 milliard 200 milliondan ortiq foydalanuvchi bor, ulardan 140 mingdan ortig'i o'zbekistonliklardir. Kuniga 3 milliarddan ortiq sharh qoldirib, 300 milliondan ortiq fotosurat joylashtiriladi.

"Twitter"da 500 milliondan ortiq, "Odnoklassniki"da 150 milliondan ortiq foydalanuvchi mavjud, ulardan 3.5 millionga yaqini o'zbekistonlikdir. Bir kunda "Odnoklassniki"ga o'rtacha 30 million odam kiradi.

Internetdagi ilk jinoyat 1983-yili sodir etilgan.

Internetdagi "Project Entropia" o'yiniga mukkasidan ketgan avstraliyalik talaba 35 ming dollar evaziga virtual orol sotib oldi. Bu orolda eski qal'a, cho'milish va turli maxluqlarni ovlash uchun maxsus joylar bor. Lekin bu faqat tasavvurda, kompyuter ekranidagina, xolos.

2002-yilda amerikalik 21 yoshli yigit "Ever Quest" o'yinida yiqqan ballari va mukofotlarini yutqazib qo'ygani sababli o'zini o'zi peshonasidan otib o'ldirdi.

Aholining internet bilan qamralganligi darajasi bo'yicha Islandiya dunyoda birinchi o'rinda turadi. Bu mamlakatda aholining 95 foizi internetdan foydalanadi. Bu ko'rsatgich Germaniyada 83 foiz, AQSHda 77.9 foiz, Rossiyada 49 foiz va Xitoyda 38.3 foizni tashkil qilmoqda.

O'zbekiston aholisining 10 milliondan ortiq qismi internetdan foydalanadi, ularning ko'p qismini yoshlar va o'smirlar tashkil qiladi.

Internetga in qurgan "o'rgimchaklar" kitobidan.
Nom: Javob: Zamonaviy haqiqatlar (IRFON blogi)
Yuborildi: IRFON-2012 14 Fevral 2016, 09:46:13
14-fevral - sevishganlar kuni bo'lsa, hozirgi kungi sevishganlarni umuman tabriklab bo'lmaydi. Ularga faqat ta'ziya izhor qilish kerak. Alloh uchun sevganlar juda oz, ko'pchilik shayton uchun sevadi. Tabriklashdan ko'ra motam tutishga loyiqroq.
Zahiriddin Muhammad Bobur xazratlarini Alloh rahmatiga olsin! O'n ikki yoshda taxtga o'tirganlarini eslab, hozirgi o'n ikki yoshli bolalarga va o'zimni o'n ikki yoshli vaqtimga qarab kulgim keladi. Biz qanday jasorat sohiblarining avlodlarimizu, ba'zimiz eng oson ish bo'lgan namozga ham jasoratimiz yetmaydi. Ular shaxsiy toat-ibodat, ilm olish, ijod qilishdan tashqari yana qancha-qancha jasoratlar ko'rsatganlar. Bizchi? Qayoqdagi tag-tugi yo'q bayramlarni nishonlab yuribmiz. Ajdodlarimiz vatan urushlarida qatnashib turib ham ilm olishni tashlab qo'ymaganlar, dunyoga mashhur alloma bo'lib yetishganlar. Xudoga ming shukurki, hozir yurtimiz tinch, hayotimiz osuda. Endilikda bizlar ilmga ajdodlarimizdan ko'ra ko'proq g'ayrat qilishimiz kerak emasmi? Jang qilishni xojati yo'q, hozirgi kunimizda. Jonimiz, mol-mulkimiz, oilamiz davlat himoyasida. Ajdodlarimiz bunday himoya bo'lmagan davrlarda ham Allohga tavakkal qilib, ilm o'rganganlar, ijod qilganlar, toat-ibodatda bo'lganlar. Biz shunday farovon zamonda yashab turib, ilmdan uzoqlashsak uyat emasmi? Lekin ko'pchiligimiz uzoqlashib ketganlardanmiz. Ajdodlarimiz yetti yoshda qilgan ishlarini hozir yetmish yoshda ham qilolmayapmiz. Albatta, bu gaplar ko'pchilikka qaratilgan bo'lsada, bundan mustasno bo'lgan insonlar ham bor. Bu gaplarni ularga aloqasi yo'q. Men ko'cha-ko'yda, atrofda ko'rganlarimdan kelib chiqib aytyapman, xolos.