Ahmad Lutfiy Qozonchi. Qaynona (roman)  ( 95946 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 B


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:22:48

* * *

Bir kuni Amina Munavvarxonimga shunday savol berdi:
— Ona, siz ham qaynona dardini tortganmisiz?
— Qaynonam vafotiga o‘n besh yil bo‘ldi, qizim. Amina kulimsiradi:
— Har holda sal boshqacharoq tushundingiz, ona. Qaynonangiz qachon vafot etdi demadim, qaynona dardini tortganmisiz, deb so‘radim.
— Bildim, qizim. Men ham sizga vafotiga o‘n besh yil bo‘ldi demadimmi?
— Dedingiz. Ammo savolimning bu gapga aloqasi bormi?
— Unda, tushuntiray. Bizning tarbiyamiz hatto tirik odamning ortidan gapirishni ma’n etadi. Uning dunyodan o‘tganiga o‘n besh yil bo‘ldi. Xatosi bo‘lsa, agar lozim kelsa, tirigida yuziga aytgan bo‘lardim. Endi aytadigan yagona so‘zim — Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!
Amina bugun qaynonasining odatini unutganday ko‘rindi. Uni gapirtirmoqchi edi. So‘zlashgisi keldi.
— Agar meni yaxshi ko‘rsangiz, qisqacha bo‘lsa ham gapirib bering.
Munavvarxonim gapirib berolmasdi. Bular bir imtihon edi. U o‘z aqidalarida sodiq va sobit. Aytolmaydi. Amina yolvorib so‘rasa ham, o‘lgan odamni yomonlab gapirolmaydi. Yo‘q. Agar sevimli do‘sti kelib, cho‘g‘ni kaftiga olishni taklif etsa, kim ham rozi bo‘lardi?! Munavvarxonimning fikricha, kuyishidan ham axloqsizlik zararliroqdir. So‘rovchini mamnun etish uchun beodoblik qilishga rozi emasdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:22:54

— Qizim, sizni yaxshi ko‘raman, ammo bu boshqa masala. Siz uchun, nomaqbul bir ishni qilish esa yana boshqa gap. Siz so‘ragan masalangiz yuzasidan suhbatlashishimni xohlaysiz, mening Janobim esa sukut saqlashimni istabdi.
— Sizning Janobingiz kim, ona?
— Payg‘ambarim.
Devorda osig‘liq Ravzai Mutahhara suvratiga qaradi. Shunda Amina Munavvarxonim har on bir ulug‘ zot qarshisida turib odob saqlaganday ohista so‘zlashining sababini endi angladi. Demakki, bu xonimlar xonimi har on o‘zini Payg‘ambarlarning huzuri poklarida sanaydi.
Amina bu maqsadiga yetolmadi. Yetolmasdi ham. Munavvarxonim uni qanoatlantirish uchun:
— Amina, siz bir insonning zarariga sabab bo‘lsangiz, masalan, bir bolani aldab ishontirib o‘g‘rilik qildirsangiz, bir necha kun o‘tgach, sir ochilsa va bola jazolansa, bundan xafa bo‘lasizmi? Bu ham shunga o‘xshash. Savolingizga javob bermaganim sizni ham xuddi o‘zimday o‘ylaganimdan, tushundingizmi, qizim?!
— Tushundim, ona. Uzr so‘rayman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:08

* * *
Munavvar xonimning yoshligi, kelinligi

1942 yil... Olmon harbi shiddat bilan davom etayotgan yillar. Qahatchilik. Qiyinchilik. Qimmatchilik. Ocharchilik.
Bir kilo bug‘doy narxi osmonda. Non, yog‘ chek bilan olinadi... Mana shunday davrda uch bolali, nochor oila. Bizga tanish bo‘lgan to‘ng‘ich qiz endi o‘n sakkizga qadam qo‘yayotir, boshqa bolalarning biri o‘n ikki, biri o‘n yoshlarda.
Faqirlik — hayot sinovi, mashaqqatli bir holdir. Bu o‘n sakkiz yashar qiz faqirlikning tor tuynukchasidan dunyoga bo‘ylagan, ta’bir joiz bo‘lsa, insoniylik va hayot maktabining tirishqoq tolibasidir.
Chek bilan olinadigan non bir odamga judayam kamlik qiladi. Ko‘proq olishning aslo imkoni yo‘q. Non yopish uchun esa bozorda bug‘doy juda ham qimmat. Pullari yetmaydi. Bug‘doy topilmaydi ham. Tirik qolishning birdan bir chorasi chek bilan olinadigan nonga qanoat qilish. Boshqa iloj yo‘q.
Chek bilan non sotilishining ilk haftasi edi. Dasturxondagi nondan birinchi bo‘lib qo‘l tortgan to‘ng‘ich qiz bo‘ldi.
— Nega olmaysan, Munavvar?
— Yetarlicha yedim, ota.
— Yaxshi to‘ymading qizim, qara, noningning yarmi qoldi.
—   Ko‘p yemoqchi emasman. Siz oling, ota, menga qaramang.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:14

Otasi to‘g‘ri aytdi, Munavvar to‘ymagandi. Shugina nonga odam to‘ymaydi. Zotan, necha kunki o‘z ulushini yemaydi, bari-bir to‘ymadi Munavvar. Ikki kichik ukasi-chi? Ular ham o‘ziday och qoladi. Munavvar chidaydi, ammo ular-chi? Shu sababdan dasturxondan qo‘l tortdi. Qolgan nonni ikki bo‘lib ukalariga uzatdi. Kichigiga:
— Bakr, mana buni ham yeyaolasanmi? — dedi.
Bolaning ko‘zlari porladi. Sevinch bilan ha deganday bosh qimirlatdi.
— Unday bo‘lsa, ko‘raylik-chi, yeb qo‘yaolasanmi?
— Yeb qo‘yaman, opa.
Bolalar ham to‘ymayotgandi. Uchovi och qolgandan ko‘ra, ikkovi picha to‘ygani ma’qul. O’sha kundan e’tiboran Munavvar opalari o‘z ulushining yarmidan ko‘pini yemadi. Onasi bir kun iltimos qildi, qistadi, och qolasan, dedi.
— Och qolsam yemasmidim, ona, och qolishni istaymanmi? Bir oz keyin o‘n sakkizga to‘lgan Munavvar ham kelinlik hayotiga qadam qo‘ydi. Zamonaning og‘irligiga qaramay turli xarajatlar bilan qizlarini uzatayotganlar oldida Munavvarga ham nimalardir tayyorlandi deyishga til bormaydi. Bundai kuyinib. tashvishlangan onasiga Munavvar tasalli berdi:
— Kuyinmang onajon, kiyimning, ziynat ashyosining nima qiymati bor?! Hozirgacha ularni taqdimmi? Endi taqarmidim? Siz meni yaxshi ko‘rasiz-ku, shuning o‘zi menga yetarli. Ko‘lingizda ne bo‘lsa, mendan ayamasligingizni bilmaymanmi? Duo qiling. Baxtli turmush ato etishini so‘rab Allohga yolvoraman. Sizdan oshiqcha narsa kutmayman, ona.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:21

To‘g‘ri gapirardi Munavvar. Otasi ne hasratda qiynalib olib bergan bir-ikki taqinchokdarini uydan tashqarida taqqanini hech kim ko‘rmadi. To‘yga ketarkan taqinchoqlarini bir chetga qo‘yar, kelgach otasi taqmaganiga xafa bo‘lmasin uchun yana taqib olardi. Hatto bir kun onasi:
— Nega bo‘yningdagi tillo taqinchoqlarni olib qo‘yding, Munavvar, qayga qo‘yding? — deganida:
— Ona, topgan bor, topmagan bor, biror faqirning ko‘ngli og‘rimasin, — deb javob berdi.
— Qizim, hamma taqadi-ku, sen ham taqsang nima qiladi?
— Har kim o‘ysiz taqib, o‘zini atay namoyon qilsa, men ham shunday yo‘l tutaymi? Bir insonning ko‘ngli ezilishiga men sababchi bo‘lmayin, ona.
— Xo‘p, mayli sen aytganday bo‘lsin, — deya boshqa qistovga olmadi onasi.
Agar bu ziynat ashyolari insonga bir fazilat keltirsa, Munavvar ularni uyda yetarlicha taqardi. Kibr va g‘ururdan boshqa ne foydasi bor?! Vaqti kelib bir ehtiyojini qondiradigan har narsa ziynat, lekin o‘ziga foydasiz oltin yo olmosning bezakdan boshqa ne nafi bor?! Bir yil avval otasining muhtoj kunida oltin taqinchog‘ini olib, uning oldiga qo‘ydi, otasi ololmayman deb qaytarganda:
— Buni siz olgansiz. Hozir ehtiyojni ketkazing, keyin yana olib berasiz. Siz iztirob chekib yurasizu, men istirohat qilib taqib yuraymi, ota? — deya otasini ko‘ndirdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:27

Munavvar boy bo‘lishi, taqinchoqlarini taqishi mumkin, lekin bir shart bilan — qarshisida hech kimsaning ko‘ngli ezilmasin, molining ko‘pligi uni sevinch va g‘urur ko‘chasiga yo‘llamasin, qo‘lidan ketsa, g‘ussa va qayg‘u chekmasin. Faqat bunday bo‘lishi qiyin.
Munavvar ota uyini kelin bo‘lib tark etgach, boshidan nimalar kechdi? U ham qaynona dardini tortdimi? Bu savollarga bir so‘z bilan javob berish mumkin emas.
Chunki ba’zi narsalar kishilar va ularning dunyoqarashiga ko‘ra o‘zgaradi va tushunchalariga ko‘ra qiymat topadi, birining fikricha dard, boshqasining fikricha hech narsa emas. Bular Alloh tomonidan yuborilgan sinovlar-ki, sabr etganlarning maqomi yuksaladi.
Kelin, ya’ni Munavvar borgan joyida rohat topmadi. Yomon so‘z eshitdi va haqsiz muomala ko‘rdi. Qilmagan ishi uchun aybdor sanalgan paytlari bo‘ldi. Rag‘bat o‘rniga tuhmatga qoldi, yaxshi so‘z o‘rniga tanbeh eshitdi. Samimiyat ko‘rsatib, iztirob chekdi. «Lekin bularni mendan ziyodaroq chekayotganlar bor-ku», deb ko‘p ham ahamiyat bermadi. «Shunday muomalaga loyiq bo‘lib, gap eshitganimda edi, bundan yomoni bo‘lmasdi», deya o‘ziga tasalli berdi. «Mening namozimga, ro‘zamga aralashmayaptilar, dinu imonimga to‘sqinlik qilmayaptilar, kufr keltirmayaptilar, axloqsizlikka tashviq etmayaptilar, bundan yomonrog‘ini ko‘rishim mumkin edi», deya ovunardi. «Parvardigorim oldida qancha qusurim bor, balki, bular shuning jazosidir», deya o‘ylar va sabr etardi. Bu ishlar kelajaqda asqotib qolishini o‘ylab, fikr suzgichidan o‘tkazar, yaxshi-yomonga, yoqimli-yoqimsizga ajratardi. Aslida yoqimlisi oz, hatto yo‘q deyishi mumkin. Faqat yoqimsizi bor. Munavvar shu o‘ylar bilan, harakat qilar, ta’bir joiz bo‘lsa, qaynona elagida elanib, tandrida pishib yetilardi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:34

Turmushidan, qaynonasidan g‘iybat qilish uchun kamchilik axtarganlarning urinishlari behuda bo‘ldi. Bir oz dadilroq, dag‘alroq muomala qilib qaynonangga haddingni bildirib ko‘y, haqqingni ketkazma, iloji bo‘lsa qo‘lga olib ol deguvchi nasihatgo‘ylarga:
— Qaynonam yomon deb sizlarga kim aytdi? U zot katta, men kichik, — degan javobni oldilar. «U kattaligini bilmaydi», dedilar. «Men kichikligimni bilaman», dedi. Hech bo‘lmasa, yomon so‘zlasa, javob qaytarishni nasihat qilganlar bo‘lardi.
— Men bu uyga aytishish yoki g‘avg‘o chiqarish uchun kelmadim, — dedi va jim bo‘ldi.
Yillar davomida kelinlik hayotidan shikoyat qilganini birov ko‘rmadi, hech kim eshitmadi. Bu uyga janjal uchun emas, yaxshi turmush uchun kelganini barcha xatti-harakatlari bilan isbot etdi. O’rnak bir qaynona bo‘lib yetishganidek, avval namunali kelin bo‘lib yashadi.
Yomonlikka qarshi yaxshilik, turli muomalalarga nisbatan hurmat, teskari gapirganlarning, mish-mish tarqatganlarning foydasini o‘ylab so‘zlash fazilati u kelin bo‘lgan uyda kunlik hodisalar orasida o‘rin oldi.
Har qachon, har mahallada bo‘lganidek, jag‘i ochilgan vaysaqi xotinlardan biri qaynonasidan eshitganlariga bir talay gaplarni qo‘shib-chatib, unga aytib berish, to‘g‘rirog‘i, chaqish uchun chiqdi. Munavvar bir pasda uning umidini puchga chiqardi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:41

— Xola, men uning qiziman, bundan ortiqroq tanbeh berishga haqqi bor. Siz nega bekorga zahmat chekyapsiz? Uzoqda emasman-ku, chaqirib yuzimga aytar. Bunday ishlar uchun o‘zingizni urintirmang. Yoshman, ularchalik tajribam yo‘q. Albatta, qusurim bor; ular gapiradilar. Agar ular gapirib, o‘rgatmasalar holim ne kechadi. El-elatga sharmanda bo‘lmaymanmi?
Eshitgan tanbehlari o‘z-o‘zini tarbiyalashga, kamchiliklarini yo‘qotishga yordam berardi.
Avval o‘ylab ko‘radi: «Men haqiqatan ham shundaymanmi?» Shunday bo‘lsa, bu fe’ldan voz kechtiradigan choralar axtaradi. Aksincha bo‘lsa, Allohdan qaynonasini afv etishini so‘raydi.
Munavvar qaynonasi ayblagandek soxtakor emasdi. Hiyladan, ikki yuzlamachilikdan nafratlanardi. O’zini bir muddat soxtakor emasman deya ovutdi. Lekin bir kun ro‘y bergan hodisa sababli o‘z-o‘zidan uyaldi.
Muhim bo‘lmagan bir narsa xususida ikki ayol suhbatlashardi. Zotan, banogoh uchrashib qolgan ikki xotin qanday muhim gapni gaplashardi. Dindan, Allohdan, fazilatdanmi?! Munavvar bunday mish-mishlarni tinglashni xush ko‘rmasdi. Lekin, uyiga kelgan bu ikki mehmon ayolni tashlab ketib bo‘lmasdi. Ikkisi ham nimadir to‘qir, gaplashishni ham unutmasdi. Biri to‘qiyotgan narsasining tugunlarini sanay boshladi. Qarshisidagi xotin bundan xabarsiz edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:47

— Ertaga, Fotima xonimlarnikiga kelasizmi? — dedi. Javob bo‘lmagach, boshini ko‘tarib qaradi, tugun sanamoqda.
Savolni takrorladi. Ayolning fikri hisoblash bilan band edi. Tugatib qaradi:
— Bir narsa dedingizmi, ish bilan bo‘lib yaxshi tushunmadim, uzr, sanayotuvdim-da, — dedi.
To‘g‘ri. Hisoblayotganda tinglayolmaydi, tinglasa hisoblayolmaydi. Bir insonning fikri-zikri, kasbi bir onda ikki narsaga mashg‘ul bo‘lolmaydi. Biri bilan mashg‘ul ekan, boshqasini unutishga majbur. Munavvar mana shu fikr ustida to‘xtalib qoldi. Shu paytda soxtakor ekanini yaxshi angladi.
Ha, Munavvar soxtakor edi. Namozda tili zarur, lozim bo‘lgan oyat, takbir, tasbehlarni takrorlar, dili esa namozga mutlaqo aloqasiz narsalarga mashg‘ul edi; uy supurar, kir yuvar, ovqat pishirar, liboslarining so‘kiklarini tikar, namozidan tashqarida bo‘lardi. Ajablanarli tomoni bu ahvolni namoz o‘qish hisoblab, Munavvar o‘zini aldardi. Mana, shu soxta namoz. Demak, bunday namoz o‘quvchi kim bo‘lishi ma’lum. Alloh huzurida turib hushsiz o‘qigan namozlaridan uyaldi. Necha yillar bu ma’naviy huzurdan bebahra qolganidan o‘kindi. Natijada uni soxtakor atab, bilmasdan o‘zini o‘ziga tanitgan qaynonasini duolar qildi.
Munavvardagi axloqiy o‘zgarishlar asosan shundan boshlandi. Noto‘g‘ri ishga qo‘li, noto‘g‘ri so‘zga tili bormay qoldi, bunga ko‘ngli rozi bo‘lmas, qandaydir ichki his jilovlab turardi. Bir soat avval Alloh huzurida turganini, bir-ikki soat keyin yana turajagini o‘ylar, ko‘nglini bir soat avvalgiga nisbatan kirli ko‘rsatishga Parvardigordan uyalar, buni muruvvatsizlik hisoblardi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:53

Bir kun Parvardigori:
— Senga pokiza qalb ato etdim, nechun dog‘ tushirdint? Ne uchun omonatimga xiyonat etding? — deya hisob-kitob qilajagini o‘ylar edi. Munavvar bularni o‘ylar ekan, ko‘nglida yolg‘on so‘zlash, mish-mishga o‘rin qolmadi.
Munavvarda g‘ayriinsoniy harakatlarga nisbatan insoniy muomala bilan javob qaytarish, uyga ikkinchi kelin kelishi bilan boshlandi. To‘g‘rirog‘i, qaynonaning fikricha, uning istagini kelini bo‘yin tovlamasdan bajarishi kerak. Munavvar shunday edi. Ikkinchi kelinni ham Munavvarday egib, bukib olmoqni istardi. Bu uning tabiiy haqqiday, hatto boshqasini xayoliga ham keltirmasdi. Qiz bola ba’zan o‘z onasidan tanbeh eshitadi-ku, qaynonadan ko‘proq eshitishi tabiiydek edi go‘yo. Ne bo‘lsa-da, qaynonalikiing ham alohida, o‘zicha sharafi bor.
Ikkinchi kelin kelganiga, oradan o‘n besh yigirma kun o‘tguncha qaynonasi shunday fikrda edi.
Inson ko‘pincha yaxshilikning qadriga yetolmaydi. Unutadi. Lekin musibat, esini joyiga tushirib qo‘yadi. Shu jihatdap musibat rag‘batga loyiqdir!
Munavvarning qaynonasi uchun ham bir musibat kutilgandek edi. Keldi. Qaynona xonim Munavvardan yaxshirog‘ini ko‘zlab yurganida, Munavvarning qadrini bildirib yangi kelin keldi. Qo‘lini o‘pish o‘rniga yuziga tupurilgan, salom berish yoki alik olish o‘rniga so‘kish eshitgan, haqoratlangan odam qanday holga tushsa, qaynona ham shunday holga tushdi.

Qayd etilgan