Munavvar boy bo‘lishi, taqinchoqlarini taqishi mumkin, lekin bir shart bilan — qarshisida hech kimsaning ko‘ngli ezilmasin, molining ko‘pligi uni sevinch va g‘urur ko‘chasiga yo‘llamasin, qo‘lidan ketsa, g‘ussa va qayg‘u chekmasin. Faqat bunday bo‘lishi qiyin.
Munavvar ota uyini kelin bo‘lib tark etgach, boshidan nimalar kechdi? U ham qaynona dardini tortdimi? Bu savollarga bir so‘z bilan javob berish mumkin emas.
Chunki ba’zi narsalar kishilar va ularning dunyoqarashiga ko‘ra o‘zgaradi va tushunchalariga ko‘ra qiymat topadi, birining fikricha dard, boshqasining fikricha hech narsa emas. Bular Alloh tomonidan yuborilgan sinovlar-ki, sabr etganlarning maqomi yuksaladi.
Kelin, ya’ni Munavvar borgan joyida rohat topmadi. Yomon so‘z eshitdi va haqsiz muomala ko‘rdi. Qilmagan ishi uchun aybdor sanalgan paytlari bo‘ldi. Rag‘bat o‘rniga tuhmatga qoldi, yaxshi so‘z o‘rniga tanbeh eshitdi. Samimiyat ko‘rsatib, iztirob chekdi. «Lekin bularni mendan ziyodaroq chekayotganlar bor-ku», deb ko‘p ham ahamiyat bermadi. «Shunday muomalaga loyiq bo‘lib, gap eshitganimda edi, bundan yomoni bo‘lmasdi», deya o‘ziga tasalli berdi. «Mening namozimga, ro‘zamga aralashmayaptilar, dinu imonimga to‘sqinlik qilmayaptilar, kufr keltirmayaptilar, axloqsizlikka tashviq etmayaptilar, bundan yomonrog‘ini ko‘rishim mumkin edi», deya ovunardi. «Parvardigorim oldida qancha qusurim bor, balki, bular shuning jazosidir», deya o‘ylar va sabr etardi. Bu ishlar kelajaqda asqotib qolishini o‘ylab, fikr suzgichidan o‘tkazar, yaxshi-yomonga, yoqimli-yoqimsizga ajratardi. Aslida yoqimlisi oz, hatto yo‘q deyishi mumkin. Faqat yoqimsizi bor. Munavvar shu o‘ylar bilan, harakat qilar, ta’bir joiz bo‘lsa, qaynona elagida elanib, tandrida pishib yetilardi.