Ahmad Lutfiy Qozonchi. Qaynona (roman)  ( 96094 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 B


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:23:59

Qaynona dovdirab qoldi. Munavvar salomatga o‘xshasa, yangi kelin, yumshoq qilib aytganda naq xastalikning o‘zi edi. Sihatlik qadrlanmagan, uning o‘rniga xastalik bosh ko‘targan edi. Behalovat holat tinchlikning qadrini bildirib qo‘yadi. Munavvar qaynonasini har jihatdan mamnun etadigan bir fazilat egasi edi. Lekin noshukr qaynona undan mamnun bo‘lmagandi. Buning evaziga balo-ofat kelgan edi. Ko‘raylik-chi nima bo‘lar ekan?
Munavvardan mamnun bo‘linmadi? Shundaymi? Yo‘q. Chunki tongdan shomgacha ish bilan mashg‘ul. Axloqidan shikoyat bormi? Bu masala ozgina tafsilga muhtoj. Aslida, agar o‘ziday yuzlab qaynonaning faqat yaxshi taraflarini yig‘salar ham bir Munavvar chiqmasdi. Ertadan-kechgacha mish-mishdan, g‘iybatdan zavqlanadigan xotinlarda qanaqa fazilat bo‘lsin? Ulardagi qiymatli bir narsa — faqat onalik shafqati. Biroq bu shafqat hayvonda ham bor. Bu shafqat tufayli ona bolasini emizadi, asrab-avaylaydi. Qo‘y suruvdan ajrab daladan qaytarkan, yelinlariga to‘lgan sutni qo‘zichog‘i tezroq emsin deya yuguradi. Lekin bu xotinlarning bir xususiyati bor, o‘g‘li uchun atalgan mehrga sherik bo‘lgan kelinini raqibday ko‘rib, shunga yarasha muomala qilishadi. O’zini g‘iybatchi xotinlardan himoya qilgan Munavvarga ham shunday qaraldi. Bu ayolning dardi nima? Munavvardan nima istaydi? Hech narsa istamaydi, Shunchaki vaysaqilik, ezmalik va ko‘ngil halovati. Negaki, ona-bola mehr-muhabbatiga sherik chiqib qoldi. Yanayam to‘g‘rirog‘i, o‘g‘limni mendan sovutadi, degan his shunchalikka olib keldi. Shu sabab kelgan-ketgan Munavvar haqida bo‘lar-bo‘lmas so‘zlar eshitar, Munavvar qanchalik ochiq chehra bo‘lmasin qanchalik qaramasin, bari bir uyulgan qovoqni ko‘rdi, yomon so‘z eshitdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:05

Ko‘raylik-chi, endi nima bo‘larkin? Yangi kelin ham shunday munosabatda bo‘larmikan? Qaynona xonim shu zavqli hayotini davom ettira olarmikin?
Bu savolga kelinning dastlabki besh-o‘n kunlik turmushi javob berolmaydi. Ammo ishning chappasiga ketayotganini ko‘rsatuvchi alomatlar sekin-sekin namoyon bo‘lmoqda edi. Ilk kunlardayoq, qanday ish yuritishini tushuntirayotganda: "Hasbunalloh va ne’mal vakil", deganday bosh chayqab qo‘yishi shunday hollardan edi. Bu hol qaynonaning asabiga tegar, lekin bir oy o‘tmasidan g‘avg‘o chiqarmaylik degan o‘yda jim qolardi.
Bu vaziyatda Munavvar o‘zini qanday tutdi? Bundan avval qaynonasining yomon muomalasiga yaxshi javob-hurmat ko‘rsatdi. Haqsiz gaplarni onaning qiziga aytgan samimiy tanbehlari deya qabul qildi. Lekin endi uyga boshqa kelin tushdi. Vaziyat yanada nozik, noqulay ko‘rinish oldi. Yangi kelin tishli-tirnoqli edi. Osongina taslim bo‘la qolmasligini, qaynona qahriga loyiq javob berishi mumkinligini sezdirdi. Kichik bo‘lsa ham, yoshiga yarashmagan g‘alati qaysarlik, qo‘rslik va o‘jarlik bor edi yangi kelinda.
Bu o‘rinda Munavvar o‘zini bir oz tortib turishi, meni yoqtirmagan qaynonam endi bu yog‘ini totib ko‘rsin va o‘zidan ko‘rsin qabilida ish tutishi mumkin. Biroq: "Mana endi mening qadrimni biladi, qanday yaxshi bo‘ldi", degan fikr uning axloq daftarida yo‘q edi. Uning maqsadi — yaxshi turmush. Shu sababli yana fazilat yo‘lidan ketdi. Tez orada qaynona-kelin orasida chiqishi aniq bo‘lgan ko‘ngilsizliklarning oldini olishi yoki iloji boricha kechiktirishi kerak edi. Vaziyat shuni ko‘rsatib turardi. Oldini olsa-ku yanada yaxshi, hech bo‘lmasa, yengillatishga, yaxshilashga urinib ko‘radi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:12

Ovsin bilan birga qilinadigan yumushlarni Munavvarning o‘zi jimgina bajaraverdi. Tongda har kungidan va kelinposhshadan bir oz oldinroq turib bog‘ni supurdi. Nonushta qilar-qilmas bir gap bo‘lmasin deya idish-tovoqlarni, kir-chirlarni yuvdi.
Bu holni ko‘rgan qaynonasi:
— Munavvar, navbat bilan yuvinglar. Bir kun sen, bir kun Komila yuvsin, — dedi.
— Mayli, ona. Bugun men boshlayveray-chi.
Lekin har kun navbat uniki edi. Va bu holdan u xafa bo‘lmadi. Bu ne ko‘rgilik, faqat men ishlayman, demadi. Bir kun qaynonasi Komilaga:
— Qani, Komila, mana buni yuvib qo‘ying, — deyishi bilan janjalning birinchi pardasi ochilganday bo‘ldi. Kelin xonim:
— Men qiladigan ishni sizdan o‘rganmoqchi emasman. Qilmoqchi bo‘lsam, o‘zim turib qilaveraman, — deb gap qaytardi.
— Xo‘sh, bo‘lmasa nimaga qilmayapsiz?
— Buning sizga aloqasi yo‘q. Nima qilishni o‘zim bilaman.
— Menga aloqasi bo‘lmasa, kimga aloqasi bor, qizim? Bu uyga nima uchun keldingiz?
— Har holda sizga cho‘rilik qilish uchun emas! Ishning bunday tus olganini ko‘rgan Munavvar:
— Ona, bugun mening navbatim. Komila, ertaga qilar, dedi.
— Qizim, har kun navbat sizniki bo‘lmaydi-ku. Hammasini siz bajaryapsiz.
— Mayli, ona. Bugun men boshlayveray... Gap to‘xtadi. Munavvar barcha ishni o‘zi qildi, janjalning oldi olindi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:18

Asrdan keyin qaynona qo‘shnilar uyiga chiqib ketdi. Ikki kelin uyda qoldi. Komilaga bir oz nasihat qilish maqsadida:
— Komila, bugun janjal chiqishiga sal qoldi-ya, ehtiyot bo‘ling, singlim, — dedi Munavvar.
— Chiqsa nima bo‘pti? Ko‘rqarmidim undan?! Munavvar sekin davom etdi:
— Maqsad — yaxshi turmush, janjal emas, bu inson bizning onamiz. Kattadan yomonlik chiqmaydi. Sizga yaxshilikdan boshqa narsa istamaydi. Ona qiziga baqiradi, yaxshi-yomon so‘z aytishi ham mumkin.
Komila kelin bu uyda istaganini ko‘rmadi, izlaganini topmadi. Bir kelin borligini eshitgach, qaynonani qayirib olamiz, degan o‘yda edi. Munavvarning fe’li bu o‘yga muvofiq emasligini ilk haftadayoq tushundi. Bu gal ikkisining haqlarini birdan berib qo‘yishni mo‘ljalladi. Faqat qaysi biridan boshlash kerak?
Munavvar sokin va xotirjam ohangda so‘zladi. "Ishni bundan keyin boshlash ma’qul". Munavvarni ortiq tinglamadi.
— Qayoqdan bizning onamiz bo‘lsin?! Qaynonaning ona deyish odat bo‘ldimi deyman?!
— Odat emas, singlim. Agar turmushingiz yaxshi bo‘lishini xohlasangiz, ona deb bilasiz. Menga quloq solsangiz, sabrli bo‘ling. Yomonlik qilganga yaxshilik qiling. Insondan yaxshilik, insoniylik qoladi. Albatta kelin bo‘lish oson emas. Ota uyidagi rohat borgan joyda topilavermaydi. Qovoq solsa, kulib qarang. Dag‘al gapirsa, yumshoq javob bering. Hiyla qilganga, yaxshilik qiling, oxiri baxayr bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:24

— Xo‘sh, siz shunday qildingizmi? Qaynona qo‘pol muomala etganda siz uni ona bildingizmi, sabr etdingizmi?
Munavvar bu savolga javob bermadi. Sukut saqladi. Kelin davom etdi:
— Boshqaga o‘rgatish oson. Ammo amal qilish qiyin. O’zingiz amal etmagan ishni menga qil deyishga uyalmaysizmi? Siz oqlovchimisiz? Ikkingiz bir bo‘lib meni ezmoqchimisizlar? Men hayvonday ishlarmishman-da, xonimlar istirohat qilmoqchi emishlar. Yana ona-bola bo‘larmishmiz.
Ovoz balandroq ko‘tarildi:
— Menga qarang! Hushingizni yig‘ing! Men o‘zimni ezdirib, xor qilib qo‘ymayman. Shunday qaynonaga yolg‘ondan cho‘ri bo‘lib, meni ham shu ko‘yga tushirmoqchimisiz? Haddingizdan oshmang. Bugungacha jim yurdim, sabr etdim.
Munavvar bu surbetlik oldida jim turishni ma’qul ko‘rdi. Lekin kelinning og‘zi hali zamon yopiladiganga o‘xshamaydi.
Dag‘al ohangda amr etdi:
— Bugundan boshlab bu uyda biror ishga aralashmaysiz. Sizga birinchi tanbehim shu.
Nima demoqchiligini Munavvar anglay olmadi:
— Tushunmadim, Komila...
— Tushunmaydigan joyi yo‘q. Bugundan boshlab bu uyda ishlamaysiz.
Vo ajab! Shu kungacha qo‘lini sovuq suvga urmagan Komila barcha ishni o‘z zimmasiga olmoqchimi? Yo‘q, ololmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:31

Uyning butun ishlarini unga yuklab, o‘zi bir chekkaga chiqib o‘tirish xonimning qo‘lidan kelmaydi. Darhol e’tiroz etdi:
— Bo‘lmaydi. Barchasini sizga topshirib, o‘zim qarab turolmayman. Birga bajaramiz.
Bu gapni yangi kelin anglamadi:
— Qanday qilib, barcha ishni menga qoldirarmishsiz?
— Men ish qilmasam, barcha ish sizga qolmaydimi? Kelin qahqaha otdi.
— Tentak, ikkimiz ham ish qilmaymiz.
— Unda kim, bajaradi?
— Qaynonam. So‘ng masxaraomuz qo‘shib qo‘ydi:
— Ya’ni sizning onangiz.
— Yo‘q, bunaqasi bo‘lmaydi.
— Shunaqayam bo‘ladi-ki!...
— Siz ishlamoqchi emassiz, shundaymi, bir chetga chiqib turmoqchisiz? Ammo men ishlayman. Mendan yigarma yosh katta odamni ishlatib qo‘yib, qarab turolmayman. Xudoga shukr, vijdonim bor.
— Vijdoningizni qarang-u! So‘ng buyruq ohangida dedi:
— Men ortiqcha nozu karashmani ko‘tarolmayman. Nima desam, shuni bajarasiz. O’zingizga zarar bo‘lishini istamasangiz, so‘zimni ikki qilmaysiz. Yo‘qsa, o‘zingizdan ko‘ring.
Kelinning surbetligi oshib borardi. Yaxshilikni anglamagani yetmaganidek, birovni ham yo‘ldan urib, zo‘ravonlik qilib izmiga solmoqchi. Yoshi kichik bo‘lsa-da, Munavvardan sal bo‘ychanroq edi. Janjal-to‘polon ichida o‘sganga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:37

Munavvar yana past kelib, gapni uzoqdan boshladi, yumshoq ohangda dedi:
— Men bu uyda shunga o‘rgandim, boshqacha ish tutolmayman. Kelinning ko‘zlarida g‘azab chaqnadi. Hayqirdi:
— Tutasan dedim, tutasan!
Munavvarning yuziga shapoloq tushirdi. Uch shapoloq yegan Munavvar nima qilarini bilmay dovdirab qoldi. Bir odim chekindi.
— Nima bo‘lyapti, Komila.
— Nima bo‘lyapdi deydi-ya, tag‘in!
Shunday deya shiddat bilan qaytadan qo‘l ko‘tardi. Munavvar chaqqonlik bilan uning qo‘lini tutib, to‘sqinlik qildi. O’zini zo‘ravonlik bilan yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan bu ayoldan tayoq yeb, jimgina ketaverish har qalay insoniylik alomati emas. Unga saboq bermoq kerak, chunki nasihat bilan, yaxshilik bilan qabul qilmadi. Hamma ishni qaynonaga qoldirishni buyurdi, Munavvar ko‘nmagach urushga otlandi. Xudo biladi, qo‘yib bersa, ikkinchi-uchinchi galda qaynonasini urishga buyruq berar, e’tiroz etsa, yana kaltaklashga tushar?! Shu sababdan ushlab olgan qo‘lini qo‘yib yubormadi va:
— Odob saqlang, — dedi.
Kelin qutulmoq uchun tipirchiladi:
— Qo‘yvor, keyin dabdala qilaman seni! — deya baqirdi va ikkinchi ko‘li bilan urmoqchi bo‘ldi. Munavvar ikkinchi qo‘lini ham qattiq tutib turdi. So‘ng o‘z holiga qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:43

— Komila, mayli sizni kechiraman. Oldimdan keting, — dedi. Kelin jahlga mindi. Tinglamadi, yana urishmoqchi bo‘ldi. Faqat yuz-ko‘ziga chaqmoqday tushgan shapaloq uni dovdiratib qo‘ydi. O’zini tutib yana hujumga o‘tdi, bu safar ustma-ust ikki shapaloq tushgach, esankirab qoldi. Chunki bu avvalroq urgani uchun olingan o‘chgina bo‘lmay, haqiqat uchun tushirilgan zarba edi. Kelin takror hujumga o‘tmoqchi bo‘ldi.
— Komila, siz uch marta urdingiz, men ham. Keling yarashaylik xohlasangiz, yana bir marta oshiqcha uring.
Kelin e’tibor bermas, uraman-o‘ldiraman deb uyatli so‘zlar bilan haqoratlardi. Munavvar bu so‘zlar ta’siriga berilmadi. O’zini bosib olgan edi. Shu sababdan uni o‘z holiga qo‘yib, tashqariga chiqa boshladi. Lekin bexosdan sochlari tortildi. Qattiq og‘riq sezgach, odamgarchilikni bilmagan bu kelinning adabini berib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Bu orada Komila Munavvarning sochlarini tortib silkitardi. Sochlari tubidan sug‘urilgandek og‘rir, ko‘zlari yoshlanar, qo‘llari bilan uning bilaklarni siqardi. Qattiq siqdi. Nihoyat barmoqlari bo‘shab, sochlari bu iflos qo‘ldan xalos bo‘ldi. Bilaklari biroz jonlansin deya indamadi. Qo‘llari darmonsiz paytda urishmoq muruvvatdan emas, deb o‘yladi. Lekin kelin takror tashlanib krldi. Munavvar uni yana tutdi.
— Tashvishlanma, yana urishamiz. Faqat qo‘llaring og‘ridi. Bir oz dam ber.
Lekin hirs Komilani qo‘zg‘ar, haqoratlab, tashlanar edi. Qarab turishdan foyda yo‘q.
— Tinchimadingmi, mana ol, tinchi! Tipirchilashi, tashlanishiga qaramasdan shapaloq ostida Komilaning vujudi holsizlanib, yana ustma-ust tushgan zarbadan darmoni qurib, chayqalib qoldi. Munavvar uni quchoqlaganday bukdi va ostiga bosib oldi. Urush uchun emas, tavba qildirmoq uchun shunday qildi. Komilaning tarbiyaga muhtojligi kunday ravshan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:49

Nihoyat tarbiyaning birinchi darsi uchun shuni kifoya bilib to‘xtadi va tashqariga chiqdi. Oqshom yaqin edi. Qaynonasi qaydandir keldi. Oshxona tomonga o‘tdi. Kelin borib yuz-qo‘lini yuvdi. Munavvarning yonidan o‘tayotib:
— Ko‘rsatib qo‘yaman, senga — deya ming‘illadi.
— Nasihat qildim-tushunmadingiz, odobsizlik qilib oxiri kaltak yedingiz. Agar aqlingizni yig‘ib olmasangiz, biling-ki, bu boshlanishi. Ikkinchi martasida yomon uraman. Tayoq bilan tarbiyalash sizga yoqadiganga o‘xshaydi.
Kelin mag‘lubiyatni hech qabul qilolmayotgan edi.
— Kim kimni uradi, ko‘rasan, nimalar qilarkanman seni. Hech narsa qilolmasdi. Qo‘lidan po‘pisadan boshqa hech narsa kelmasdi.
Birinchi ishni uning aytganlarini bajarmasliqdan boshladi. Nima deyapsan, demadi. Eshitmaganday turdi. Bilmaganday yurdi. Maqsadi — uni hurmat qilmasligini bildirmoq. Ba’zan hatto uning aytganlarining tamoman teskarisini bajarardi. Qaynona janjallardan xabarsiz edi. Kelin borib meni Munavvar urdi, deyolmasdi. Munavvar esa maqtanmaydi.
Munavvar bilan bo‘lgan ikkinchi janjaldan keyin chamasi yigirma-yigirma besh kunlar o‘tdi. Uyda yangi kelin va qaynona orasidagi vaziyat nihoyatda tarang tortilgan bir payt. Go‘yo ikki kelin orasida endi bunday hol yo‘qday ko‘rinardi. Lekin yangi kelin va qaynona bir-birini ko‘rganda ho‘rpayishardi. Aslida bu holatning mag‘lubiyat eshigida qaynona turardi. Jangda g‘olib chiqish uchun emas, bir oz kechroq taslim bo‘lish uchun qo‘lida qolgan qurol-yarog‘lardan foydalanayotgan yarador jangchi holiga tushgandi. Ne qilarini bilmasdi. Bugunga qadar bir gapini ikki qilmagan katta kelinidan yordam umid etolmasdi. Uning xonimlik sha’niga, tarbiyasiga endi tan berar, dildan qadrlar, ammo endi buning qanday foydasi bor?! Bugungacha uni xafa etmoqdan, kelgan-ketganga g‘iybat qilmoqdan boshqa unga ne karomat ko‘rsatdi-ki, bugun undan ikkinchi kelinga qarshi yordam so‘rasin? Yordam so‘rasa: "Yaxshilikka yomonlik qilib, endi yordam so‘rashga uyalmaysizmi?" demaydimi? Shunday desa, yana ne kuyga tushadi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 09:24:57

Bugungacha Munavvardan yomonlik ko‘rdimi? Yo‘q. Ammo u ham kelin. Hech bir kelin qaynonani himoya qilib, boshqa kelinga qarshi chiqqanmi?! Shuning uchun Munavvardan foyda yo‘q. Endi faqat o‘g‘li qoldi. Ammo o‘g‘il... uylanganiga bir hafta o‘tmasdanoq qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi hisob. Faqat ishga ketayotib:
— Xayr ona, — deydi, xolos. Xotinining qovog‘i uyulsa darhol:
— Komila, nima bo‘ldi? Xastamisan, — deb tipirchilab qoladi. Vo ajab! Agar onasi xastalansa, shunday zahmat chekarmikan? Yaxshiyam xasta bo‘lib, ularning qo‘lida xor emas. Ilgari boshqacha edi bu o‘g‘il. Kelin gah deya qo‘liga qo‘ndirib oldi. Begona bir qiz kelib uni o‘ziga bo‘ysundirib olganini tushunolmasdi. Tunov kun bozorday bir to‘rvachada narsa keltirib, Komilaning qo‘liga tutqazdi. Keyin bilsa, uzum ekan. Ko‘rsatmasdan nelar qilishadi, nimalar yeymshadi? Kim bilsin? "Ona, sizga mana shuni olib keldim", deb biror narsa bermaydi. Qo‘lidagi narsalarni, xalta-to‘rvalarni Komilaga berar-bermas to‘g‘ri hojatxonaga shoshildi. Axir odam yorilib ketmaydi-ku. Besh daqiqa keyin borsa ham bo‘lar edi. Uyga olinishi kerak bo‘lgan narsalarni ham kelindan so‘raydi. Onadan so‘rash lozim emasmi? Ikki kun avval kelgan kelin oldida ne degan odam bo‘ldi? Odam o‘rnida ko‘rishmi bu? Oldin onaning hurmatini o‘rinlatish kerak emasmi? Onasining yoniga o‘tirib: «Qalaysiz, keliningiz bilan chiqishyapsizlarmi? Yo shikoyatingiz bormi? Odobsiz bo‘lsa menga bildiring, kulog‘ini cho‘zib ko‘yaman!» — demaydimi? O’g‘il shu paytgacha hech bo‘lmasa, bir-ikki marta xotinini ozorlashi, ko‘z oldida musht o‘qtalib tayoq ko‘tarishi kerak emasmidi? «Aqlingni yig‘. Agar onam zig‘ircha igikoyat qilsa yoki qosh chimirsa, o‘zing. bilasan, ko‘radiganingni ko‘rasan», demaydimi?

Qayd etilgan