Munavvarxonim so‘zlari farosatli bir inson uchun kifoya ekanligini o‘ylab to‘xtadi. Qiz parishon bo‘lib qoldi, umridagi eng kuchli zarbani oldi. Shu bilan birga ko‘nglida bir maroq, bir qiziqish paydo bo‘ldi. Kim ekan bu Munavvarxonimlarning «moda»chilari? Nega shu paytgacha hech kim eshitmagan ularni. Sekingina so‘radi:
— Kechirasiz, Munavvarxonim, kimlar sizlarning modachilaringiz? Nega hech kim bilmaydi, nega hech kim eshitmagan? Siz aytgan moda qay bichimda?
— Qizim bizning «moda»chilarimiz, Xadicha onamiz, Oysha onamiz va Fotima onamizdir. Biz ularning andozasiga ergashamiz. Bu yuz, qo‘limizdan boshqa joylarimiz yopiq bo‘lishi, nomahramga ko‘rsatmaslik, nomahramlar bilan birga o‘tirmaslik, yolg‘iz holda ham uyatli bir qiyofada qolmaslikdir. Mana, hammasi shu. Bu ulug‘ millatlarni tiklagan, ma’naviyatlarni saqlagandir. Bu ulug‘ zot ayollarni eshitmaganligingiz masalasiga kelsak, ko‘pgina yoshlarnint quloqlari ochig‘u, jon qulog‘i, qalb ko‘zi berkilgan. Aksincha bo‘lsa, yaxshi, edi. Ya’ni, inson qulog‘ini turli zararli shamollar, yomon so‘zlar, ma’naviy xastaliklar kirishidan to‘ssa, berkitsa, shundagina ko‘ngil ko‘zi va qulog‘i ochilsa ajab emas...
— Kim bu Xadicha onamiz, Fotima onamiz, xola?
— Xadicha va Oysha onamiz Payg‘ambarimizning (s.a.v.) xotinlari. Fotima esa qizlari.
— Xola, unday bo‘lsa onam ikkingiz bir «moda»da ekansiz-da?
— Shunday, qizim. Faqat bitta farqi bor. Sofiya xonim vaqtida bularni qiziga anglatmadi. Qalbiga Allohdan qo‘rqishni joylamadi. Boshiga ro‘mol o‘ratsam bo‘ldi, ish bitadi, deb boshqa tomonlarini esdan chiqardi. Bugun o‘sha unutishning jazosini tortmoqda.
Bu orada Amina mehmonlarga choy keltirdi. Mavzu shu yerda tugadi.