Demak, Mahmud og’a shularning biri. Isrof emas, yaxshi turmush zarurligini chuqur anglagan bo’lsa kerak-ki, qudalariga ham shunday xabar jo’natdi.
Oradan ikki oy o’tdi. To’y hozirligi tugadi. Aslida hech bir to’yda bunday tayorgarlik mukamml bo’lgan emas. To’y xoh kelishuvdan bir oy so’ng qilinsin,xoh ikki yil keyin qilinsin, natija bari bir shu, bari bir yana talay ishlar, tikilishi, bichilishi, olinishi kerak bo’lgan ashyolar qolib ketadi. Inson bu dunyodan har bir ishini tamomlab ketolmaganiga o’xshaydi bu hol.
Uch kundan keyin Aminani olib ketadilar. Endi o’zga bir oilaning qizi bo’ladi, u yerni yurt tutadi va bir umr o’sha yerda qoladi. Hozirlangan narsalar o’raldi, chirmaldi, tugildi, sandiqqa solindi. Yo’lga chiqishi yaqin musofir go’yo. Et bilan tirnoq ajralishidek holat bu hol. Non va suvdan ortiq sevilgan ota-onaning qo’llari o’pilajak. Bu mahalla, bu uy, bu bog’ Aminaga faqat bir mehmonxona bo’lajak. Endi Amina yayrab kezgan, shodlanib, o’ynab-kulgan, umrining eng shirin, eng saodatli kunlari kechgan bu xonadonga xohlagan paytida kelolmaydi. Qo’ylarini sog’arkan otasi yelkasiga ohistagina urib, silab "œhayr, Amina" deyishini eshitmaydi va javoban:"Ishingizni Alloh o’nglasin!" deyish zavqini endi tuymaydi.
Ha, otlanish damlari yaqinlashmoqda. Har bo’yi yetgan qizning boshida bor bu hodisa. Buni chetlab o’tib bo’lmaydi. Lekin ba’zan Amina chiday olmay qoladi, ayriliq o’gir ko’rinadi. Dunyoga kelmasaydim, ayol bo’lmasaydim demoqchi bo’lardi. Faqat bu bilan hech narsa o’zgarmasligini, bu fikr Allohga xush kelmasligini yaxshui tushunadi. Istig’for aytadi darhol. U bo’lmasa, boshqa bir qiz o’sha uydan ketadi. Ayriliq azobini tortib, uning yuragi ham dog’lanmaydimi?
Amina ota-onasiga ichdan toshib kelayotgan nimalarnidir aytmoqchi bo’ladi. Faqat nima deydi? Oh, ularga dilini yorsaydi, shashqator yoshlar to’ksaydi. Yo’q, bu holat ularni ham yig’latadi, dardlarini ziyoda qiladi. Lekin qo’ylari unaqa emas, ular Aminaning hamdardlari. Shu sabab ikki-uch kun dardini ularga yordi, ko’zlaridan o’pdi, boshlarini siladi, hidladi, erkaladi. To’yib-to’yib yig’ladi"¦