Nigorning uzatilganiga bir yarim yil bo‘lgan edi. Bir kun uyda yolg‘iz edim. Qaynonam kichik qaynsinglim bilan aylangani ketgan edi. Eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi, ochdim. Nigor va qaynonasi. Nigor kirgach, qaynonasi:
— Men xolamlarnikiga kirib chiqaman. Biror soatda qaytaman. Siz o‘tiravering, — dedi va ketdi. O’tirib birpas suhbatlashdik. Dardli edi Nigor. Nimalardir demoqchi bo‘lar, lekin istihola qilib, ochilib gapirolmas edi. Oxiri:
— Yanga, sizga bir narsa aytmoqchiman, mendan rozi bo‘ling, — dedi.
Nigorning goho "kelin oyi", ko‘pincha "kelin poshsho", "kelin xonim" deyishiga o‘rganib qolgandim, hozir "yanga" deyishiga hayratlanganday bo‘ldim. Ko‘nglida po‘rtanalar, dovulu bo‘ronlar qo‘zg‘algandek to‘lqinlanar va chekayotgan vijdon azobidan xalos bo‘lishni istayotgani ko‘rinib turardi. Ko‘nglim zirqirab ketdi, unga achindim. Mehrim tovlab samimiyat bilan:
— Nigor, men roziman. Nima bo‘ldi? — dedim.
Ko‘z yoshlarini artib dediki:
— Ko‘p haqqingiz bor menda, yanga. Sizga ko‘p haqsizliklar qildim. Bir kun o‘zimga qaytishini o‘ylamadim. Bugun jazoyimni olayapman. Bunchalik qiyin, achchiq bo‘lishini bilmagan ekanman. Bir yarim yilki, tortmagan azobim qolmadi, bo‘g‘zimga keldi. Endi chidolmayman, yanga.
Nigorning ko‘zlaridan jaladay ko‘zyoshlar to‘kildi, ro‘molchasi ho‘l bo‘ldi. Davom etdi:
— Faqat qaynsingil dardi, qaynsingil balosi bo‘lsa chidardim, sabr etardim. Ikki kundan so‘ng egalik bo‘lib ketadi derdim. Lekin er dardi undan oshib tushdi. Har oqshom ichib keladi. Kunim mastni ovutish, so‘kish eshitish bilan o‘tmoqda.
«Gapir, — deydi, — gapir, men yaxshimanmi?»
«Yaxshisiz, hammadan yaxshisiz!» deyman.