Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149135 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 33 B


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:53:20

—   Bilaman, ko‘zim tushgan, bilaman,— dedi kampiri.
—   Arvohga o‘xshaydi-ya? Og‘iroyoq ayol duch kelsa... bo‘yidan tushirib qo‘yadi.
—   Hammayoq musulmonobod bo‘lib ketdi, rais bova, musulmonobod bo‘lib ketdi. Musulmonlar ana shunday kiyinadi. Sizgayam shunaqa ust-bosh olib beraymi?
—   O’zi, u qanaqa kiyim bo‘ldi?
—   Oppoq ishton-ko‘ylak. Nima qipti?
—   Boshidagi... tuvakka balo bormi?
 — Tuvak?
—   Ha, yosh bolani tagiga qo‘yadigan tuvak.
Kampiri hiring-hiring kuldi. Tizzasiga urib-urib kuldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:53:41

—   Takya, rais bova, takya! — dedi.
—   Takya? U nima endi?
—   Musulmonchilik belgisi.
—   Endi, shularni kiymasa nima qipti?
—   Takya kiymasa musulmon bo‘lmaydi, rais bova.
Olib ber, desangiz, olib beraman.
—   Ularni kiyib nima qilaman?
—   Musulmon bo‘lasiz, nima qilardingiz, musulmon bo‘lasiz.
—   T-fu-u-u!
Kampirini dami ichiga tushdi. Darhol gapni burdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:53:52

—   Aytdim-qo‘ydim-da, rais bova, — dedi. — Siz
katta odamsiz, partiya veteranisiz. Sizga yarashmaydi.
Botir firqa kampirini gapidan tinchlandi. O’zicha bosh irg‘adi.

—   O’zi, bu bolachalar tong saharda nima qilib yuribdi? — dedi.
—   Choyxonada azon namozi o‘qib kelyapti.

—   Azon namozi? Shular namoz o‘qigich bo‘ldimi? Men bularni bilaman. Bular eski alkashlar, eski bangilar. Anavi Madiev degichi kerosindan boshqa narsani ichadi. Qilmagan ahmoqchiligi qolmagan. Kelib-kelib, shular namoz o‘qiydimi? Yana-tag‘in, choyxonada namoz o‘qiydimi?
—   Choyxonada namoz o‘qisa, el-yurt ko‘radi, rais bova.
—   Namoz o‘qishni birov ko‘rishi shartmi? Namoz o‘qish — e’tiqod. E’tiqod — yurakda bo‘ladi.
E-e, rais bova, bu namozxonlarda... e’tiqod nima qiladi? Zamon eski iziga qaytgudek bo‘lsa, firqaga a’zo bo‘ladi qayta, azon namozi qolib...

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:54:04

—   Shu namozini uyida o‘qisa bo‘lmaydimi?

—   Uyida namoz o‘qisa, kim ko‘radi? Uyida takya kiysa, kim ko‘radi? Hech kim ko‘rmaydi! Ko‘cha-ko‘yda namoz o‘qisa — el-yurt ko‘radi. Falonchi namozxon ekan, deydi. Ko‘cha-ko‘yda takya kiysa, yurt ko‘radi. Falonchi musulmon ekan, deydi.
—   Shu bolachalar nega shularni oldin qilmadi? Oldin ham takya uchun surp bor edi. Joynamoz uchun surp bor edi.
—   Bu zamonni bolalarini qilig‘i ko‘p, rais bova, qilig‘i ko‘p.
—   Shartmi endi, musulmon bo‘lish uchun boshiga oppoq tuvak...
—   Takya!
Oppoq takya kiyib olish? Oppoq ishton-ko‘ylak kiyib olish? Ammo-lekin latta-puttaga suyangan, soqol-mo‘ylovga ishongan musulmonchilikni oxiri voy bo‘ladi. Toat-ibodatga berilgan musulmonchilikni oqibati yomon bo‘ladi. Musulmonchilik... dilda bo‘ladi, kampir. Musulmonchilik odamni dilida bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:54:15

—   Imoningiz pok bo‘lsa bo‘pti-da, rais bova.
—   Shunday, shunday. Hamma gap — imonda! Insonni inson etuvchi — imon. Dunyoni dunyo etuvchi — imon. Bir so‘z bilan aytsak, imon bilan yashash kerak! Zamon bo‘lsa — teskari ketyapti. Mana, hamma xudoga sig‘inib boshladi. Buni oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Xudoga sig‘inish bora-bora nimalarga olib keladi, bilasanmi? Xudoga sig‘inish... shaxsga sig‘inishga olib boradi! Ishonchim komil, xudoga sig‘inish... shaxsga sig‘inishga olib boradi.
—   Shular xudoni biladimi? Ishi yo‘q namoz o‘qiydi, noni yo‘q ro‘za tutadi, deydilar. Ana, bular kimlar.
Chin, har bir musulmon farzandi uchun Qur’on tabarruk kitob. Aytishlaricha, Qur’on yettinchi asrda nozil bo‘lgan. Ammo-lekin hozir yigirmanchi asr yakunlanyapti, yigirmanchi asr! Yettinchi asr gapi tugul, mana shu yigirmanchi asr boshidagi gaplar bugungi kunga to‘g‘ri kelmay qoldi. Yigirmanchi asr shunday bir nuqtaga keldi... O’tgan yilgi gap bu yilga to‘g‘ri kelmay qoldi. Kechagi gap bugunga to‘g‘ri kelmay qoldi! Masalan, Qur’on ham Hadislarda... otangni o‘ldirganga... onangni ber, deydi. Dushmaning chap yuzingga ursa, sen... o‘ng yuzingni tutib ber, deydi. Ushbu pand-nasihatlarni qanday tushunsa bo‘ladi? Kim qanday tushunadi — o‘zi biladi. Ammo-lekin ushbu pand-nasihatlarni men mana bunday tushunaman: ey xalq, qo‘ymijoz bo‘l! Ey xalq, poda bo‘l! Bizni baran-baran deydilar. Afsuski, shu gapda jon bor. Asrlar mobaynida miyamizga singdirib kelinmish mazkur pand-nasihatlar... baranligamizni tamal toshi emasmikin? Yillar mobaynida qulog‘imizga quyib kelinmish ushbu pand-nasihatlar bizni... qo‘ymijoz qilib qo‘ymadimikin? Ertadan-kechgacha qulogimiz ostida jaranglab turmish pand-nasihatlaridan... qo‘ymijoz bo‘lib qolmadikmikin? Xudoga shukur, biz ham musulmon farzandimiz. Xudoni o‘zi kechirsin. Ammo-lekin shu haqda bir o‘ylab ko‘rishimiz kerak...

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:56:44

35

U, televizorga... o‘ta iltifotli edi! Televizorni buragichdan o‘chirar edi. Stabilizatordan o‘chirar edi. Ustidan baxmal yopib qo‘yar edi.
—   Bamisoli kelin, kelin! — der edi.
Bugun... shahd bilan turdi. Shahd bilan bordi. Rozetkani changallab ushladi. Silkilab tortdi. Rozetkani qulochkashlab otdi.
Rozetka bir burchakka tarsillab tushdi.
Televizor bir aylanib... ana shu burchakka yuz burib qoldi!
Kampiri eshiqdan yuz ko‘rsatdi.
—   Ha, rais bova? — dedi.
—   Choy! — deya baqirdi. Kampiri choy damlab keldi.
—   Tinchlikmi, rais bova? — dedi.
Botir firqa yonboshladi. Oyoqlarini uzatdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:57:01


—   O’lmagan jon ko‘rar ekan! — dedi.
—   Ha, yana nima gap?
—   Gap ko‘p! Moskvalik qayta quruvchilar o‘rtoq Leninni mavzoleydan olib chiqib tashlash tashabbusi bilan chiqibdi. Shuni televizorda ko‘rsatdi.
—   Ye tavba, Leninni-ya? Leninday bir zotni-ya?
Qayoqqa olib chiqib tashlar emish?
—   Kim biladi, qayoqqa olib chiqib tashlaydi. Birovi, Lenin kommunistlar qabristoniga ko‘milsin, dedi. Birovi, Novodeviche qabristoniga qo‘yilsin, dedi.
—   Sizningcha, qaerga qo‘ygani ma’qul?
Masalaga partiyaviy yondashadigan bo‘lsak, o‘rtoq Leninni Volkovskiy qabristoniga qo‘yish kerak. Leningradda ana shunday qabriston bor. O’rtoq Leninni onasi bilan singlisiyam ana shu qabristonda yotibdi. Hayotligida o‘rtoq Leninni o‘ziyam ana shunday vasiyat qilib edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:57:11

Botir firqa tokchadan Lenin haqidagi kitobni olib keldi. Bir boshdan varaqladi. Leninni rasmlarini tomosha etdi. Lenin mavzoleyi rasmini kampiriga ko‘rsatdi.
—   Ana, KPSS o‘ylab topgan qasr, — dedi. — Ana, KPSS qurgan qasr. Qasr bo‘lgandayam, san’at qasri. Partiya san’ati qasri! Sehrli qasr, sirli qasr. Ana shu qasrda buyuk Lenin yotibdi. Bir o‘zi adyolga o‘ralib yotibdi. Mavzoley — KPSSni ilohiy qudrati. Shu ilohiy qudrat bor ekan — KPSS ruhi hukm suradi. KPSS mangu yashaydi! KPSS yulduzi mangu porlaydi!
—   Porlaydi, porlaydi.
—   O’rtoq Lenin hayotbaxsh zot edi, umidbaxsh zot
edi. Masalan, hamma ish o‘nglab bo‘lmas darajada pachava bo‘lar edi. Oqibat, hamma o‘zini yo‘qotib qo‘yar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:57:22

Ammo-lekin o‘rtoq Lenin o‘zini yo‘qotmas edi. U kishi,
eng avvalo, dushmanlarini xatosini poylar edi. Go‘yo,
taqdirga tan bergan kishi bo‘lib turar edi. Dushmanlari xatolikka yo‘l qo‘ydimi — o‘rtoq Lenin birdan oyoqqa turar edi. Dushmanlari xatosidan o‘z vaqtida, unumli foydalanar edi. O’rtoq Lenin dushmanlarini xatolari tufayli zafar qozonar edi. O’rtoq Lenin omadli zot edi. Omad deganlari hammaga ham nasib etavermaydi. Eng oxirigacha chiday olgich zotlargagina omad nasib etadi. Boshi berk ishlarda ham eng so‘nggi daqiqagacha kurasha olgich zotlargagina omad nasib etadi. O’rtoq Lenin ana shunday zot edi! Shu bois, o‘rtoq Leninga hamisha omad yor edi.
—   Lenin o‘z oti o‘zi bilan Lenin-da.
—   Mana endi, kommunistlar bitta-bittadan taslim bo‘lmoqda. Birov qo‘shqo‘llab ishini topshirmoqda. Birov qo‘shqo‘llab partiya biletini topshirmoqda. Sadqai kommunist degan nom ketgurlar. Sadqai inson degan nom ketgurlar. Yo‘q, men oxirigacha boraman. Men oxirigacha kurashaman!

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Dekabr 2006, 07:57:34

—   Hali otdaysiz, rais bova, otday!
—   Yo bir Mrskvaga borib-kelsammikin? O’rtoq Leninni ziyorat etsammikin? O’rtoq Lenin, turing, joyingizdan — yurtingizdan kapitalizm hidi anqib qoldi, desammikin? Kapitalizm... nomini eshitib, o‘rtoq Lenin... go‘rida tikka turib ketsa kerak? O’zi o‘rtoq Leninda... go‘r bormi? Mana o‘z oti bilan mavzoley, KPSS qasri. Unda, o‘rtoq Leninni... go‘ri qaerda?
Botir firqa kitobni varaqlab-varaqlab o‘yladi. Choy ho‘plab-ho‘plab o‘yladi. Oxiratni o‘yladi. Besh kunlik dunyoni o‘yladi...
Ammo-lekin inson dunyoga bir keladi, inson dunyodan bir ketadi, — dedi. — Inson dunyodan ketar vaqti — uch kun. Jon berdimi — uch kun ichida ketishi kerak bo‘ladi. Uch kun! Aytishlaricha, marhum uch kun mobaynida yerga ko‘milmasa, marhum qabrga kirmaydi, shunday, qabrga kirmaydi. Marhum jisman qabrga kiradi, ammo-lekin arvohi qabrga kirmay qoladi. Marhumni o‘zi yer ostida bo‘ladi, arvohi esa... yer ustida qoladi! Shu boisdan-da, uch kunlik o‘lik g‘oyatda azob chekadi, g‘oyatda kiynaladi. Uch kunlik o‘lik falak bilan yer o‘rtasida arosatda qoladi: tiriklar orasiga qaytay deydi — qaytish yo‘lini bilmaydi. O’liklar orasiga boray deydi — borish yo‘lini bilmaydi. Uch kunlik o‘lik — arosat azobini tortadi, sarsonlik azobini tortadi.

Qayd etilgan