Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149069 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:30:51

Dilya cho‘ntagidan narsa oldi. Minbarga bir quticha qo‘ydi.
—    Mana, Mehnat shuhrati ordeni! — dedi. — Qaysi bir yili 8 mart bayrami munosabati bilan berib edilar. Na iloj, men nodon olaveribman. O’ylamay-netmay, olaveribman. Men ana shu yo‘l qo‘ygan xatom uchun siz azizlardan uzr so‘rayman! Men ana shu aybim uchun siz yaxshilar oldida o‘zimni gunohkor deb bilaman! Qizil sovet hukumatining o‘ziday qizil ordenini qabul qilib olganim uchun... men siz ulug‘lar oldida uyatliman, uyatli! Qizil hukumatning qizil ordenini ko‘ksimda taqib yurganim uchun... meni kechiring, mo‘min-musulmonlar, meni kechiring!
Dilya lablarini burdi. Ko‘zlarini ro‘molcha bilan artdi. Ro‘molchani og‘iz-burniga bosib... bosh egdi! Ana shunda... yelkalari bilinar-bilinmas titradi. Dilya... yig‘ladi! Dilya yig‘ladi!
Buzuqi qarisa-da, g‘amzasi qarimas, bo‘ldi!
Botir firqa ana shunda tushundi. Hang-mang bo‘ldi. Alang-jalang bo‘ldi. Olazarak bo‘ldi.
Sarosima bilan... ordeniga qaradi! Keyin, minbarga qaradi.
Dilya yuz-ko‘zini artdi. Og‘iz-burnini artdi. Yanada dadil so‘zladi:
—    Qizil kommunistlar orden-medalini olib kelib... mana shu yerga qo‘ysin! — deya, minbarni mushtladi.
—    Qanaqa orden? Qanaqa kommunist? — zaldan luqma tushdi.
Dilya... minbarni mushtlab-mushtlab aytdi:
—    Sobiq partiya-sovet chinovniklari! Yetmish yil xalq qonini so‘rib, evaziga qo‘sha-qo‘sha ordenlar olgan qizil partokratlar! Paxta yakkahokimligini o‘rnatib, Orolni quritib yuborgan qizil partnomenklaturachilar! Ana, kimlar ordenini olib kelib topshirishi kerak!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:30:59

Ana shunda, Botir firqani chap ko‘ksida... og‘riq qo‘zg‘oldi. Ko‘krak osti sanchdi. Ko‘krak osti siqildi.
U siqilish joy usti — ordeniga kaftini qo‘ydi. Ordenini ushlab qo‘zg‘oldi. Ordenini ushlab yurdi. Qator oralab yurdi.
Qo‘li ko‘ksida ketajak Botir firqani kuzatmish o‘ng qatordagilar... firqa biz bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, xayrlashyapti, deya o‘yladi. Ular-da... qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
—    Xayr, otaxon, xayr, — dedi.
Chap qatorda o‘tirmish yosh-yosh yigitlar Botir firqani qo‘li ko‘ksida — ordenida ekanini ko‘rib... piq-piq kuldi! Pichir-pichir etdi:
—    Qara, Qizil ketdi, Qizil.
—    Qizillarni ust-boshiyam... sovetskiy!
—    Ordenini mahkam ushlab olishini qara.
—    Ordenimni tortib oladi, deb qo‘rqyapti.
—    Bechora qizillarni orden-medalidan boshqa narsasiyam yo‘q.
Botir firqa zinapoyadan qo‘lini ordeni — ko‘ksiga qo‘yib tushdi.
Eshikog‘a oldidan qo‘lini ordeni — ko‘ksiga qo‘yib o‘tdi.
Eshikog‘a-da qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, xayr-ma’zur etdi.
Botir firqa bir amallab tashqariladi. Yo‘lga tushib oldi.
Yo‘l bo‘yi gullarga qarab entikdi. Ko‘m-ko‘k daraxtlarga qarab entiqdi. Shoxlarda chug‘ur-chug‘ur etmish qushlarga quloq solib entikdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:31:07

Og‘ir-og‘ir nafas oldi. Chuqur-chuqur nafas oldi.
Nihoyat... yuragi qo‘yib yubordi! Yuragi ozod ham vazmin bo‘ldi.
«Orden olasan-a, orden olasan! — dedi Botir firqa. — Olib bo‘psan! Senlardan orden qarzim bormi? Senlar qachon menga orden berib eding? Bu ordenlarni menga Yo‘ldosh Oxunboboev bergan, Sharof Rashidov bergan. Orden olganlaringniyam ko‘raman!»
Botir firqa ko‘ksi — ordenidan qo‘lini oldi. Quloch otib-quloch otib qadam bosdi.
«Shartaki bo‘l, sanamarasta bo‘l, evi bilan bo‘l-da! Nonko‘r bo‘l, evi bilan bo‘l-da! — dedi. — Senlar, o‘zi, qaerdansan? Senlar, o‘zi, qaerda o‘sding? Senlar, o‘zi, kimni bolasisan? Osmondan tush-a, nonko‘rlar, osmondan shaloplab tush-a, nonko‘rlar! Senlar sovet tuzumi tug‘ruqxonasida tug‘ilding, sovet tuzumi bog‘chasida katta bo‘lding. Senlar sovet tuzumi maktabida o‘qiding, sovet tuzumi institutida o‘qiding. Bir yumalab... jurnalni oynoma, deb atading, gazetani ro‘znoma, deb atading, redaktorni muharrir, deb atading. Ismi-familiyangni... Mirzaxo‘ja qizi, deb atading. Bir yangilik shu, bor o‘sish shu, bor farq shu! Bu qadar nonko‘r bo‘lma-da, qayta quruvchi demokrat! Senlar, o‘zi, sotsializmdan chiqding. Senlar, o‘zi, porloq kommunizm sari olg‘a borayotib eding. Senlar pioner eding, komsomol eding. Senlar kommunist eding, kommunist! Ana shunday bir vaqtda Moskvadan... shunday, Moskvadan... bir baxt qushi uchib keldi. Baxt qushi boshing uzra aylandi-aylandi... Oxir-oqibat — boshingga kelib qo‘ndi. Bu baxt qushini oti mustaqillik bo‘ldi, mustaqillik! Bu baxt qushini oti — ozodlik bo‘ldi, ozodlik! Bu baxt qushini... oshkoralik shamoli uchirib keldi, demokratiya shamoli uchirib keldi, qayta qurish shamoli uchirib keldi! Bunday baxt qushiga erishish uchun xalqlar... ariq-ariq qon to‘kadi, ariq-ariq qon! Bunday baxt qushiga erishish uchun vatanlari kunpayakun bo‘ladi, kunpayakun! Senlar esa... tayyor oshga ega bo‘lding, tayyor oshga! Shunday ekan, tayyor oshni ye endi. Og‘zingdagi oshni yut endi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:31:17

60


Bo‘sag‘ada kampiri kutib oldi.
Kampiri boshidan shlyapasini oldi. Yelkasidan kostyumini oldi.
—    Qalay o‘tdi, rais bova? — dedi.
—    Buzuqi qarisa-da, g‘amzasi qarimas, deydilar! — dedi Botir firqa. — Gap ko‘p. Bari maza-matrasiz gaplar.
—    O’zi, maylis shunday bo‘ladi-da, rais bova.
—    Bu qayta quruvchilar hali besh-olti ko‘ylak yirtishi kerak. Qayta quruvchilarda o‘sha... ko‘ylakni o‘zi yo‘q! Qayta quruvchilar hali... ko‘ylak ko‘rmagan! Qayta quruvchi demokrat — yalang‘och qirol! Shunday, qayta quruvchi demokratlar yalang‘och qirol!
—    Gap desang, qop-qop deng?
—    Yana-tag‘in, qayta quruvchi demokrat zoti bor — faqat... xudoni nomidan gapiradi! O’sha xudo — Yaratganni o‘zi har bandasiga bir arava beradi. Demak, har bandani o‘z aravasi bo‘ladi. Ana shu aravasini yo‘lda qoldirgan banda — odam bo‘lmaydi! Biri ikki bo‘lmaydi. Shu bois, har banda o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. Dehqon ekinini ekishi kerak. Quruvchi imoratini qurishi kerak. Olim fanini yaratishi kerak. Ashulachi ashulasini aytishi kerak. Shoir... she’rini yozishi ke-rak! Ana o‘sha demokratlar — shoir. Demak, ular she’r yozishi kerak, she’r! Bir so‘z bilan aytsak, har banda o‘z kasbiy aravasini tortishi kerak. Ana o‘shanda... qayta qurish bo‘ladi! Ana o‘shanda... el-yurt obod bo‘ladi. Bular bir og‘izdan  Orol-Orol, deydi.  Nima,  qayta qurish demak — Orol dengizi, demakmi? Qayta qurish demak — Orolni to‘ldirish, demakmi? Yaxshilab eshitsam, qayta quruvchi demokratlarni dardi boshqa, kampir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:31:27

—    Nima ekan, bildingizmi?
—    Hali aytib beraman.
Botir firqa yonboshladi. Qayta quruvchilarni o‘yladi. Xayolidan ajab-ajab gaplar o‘tdi.
«Biz uchun bor e’zoz-ehromlarni nobud etmoqdalar. Ulug‘ siymolarni inkor etmoqdalar. Tabarruk bisotlarni tortib olmoqdalar, — dedi. — O’zi... bisotda biror nima qoldimi? Menda, manavi... kampirim qoldi! Bor-yo‘q bisotim — kampirim. Topgan-tutgan xazinam — kampirim. Suyangan qanot-quyrug‘im — kampirim».   
Botir firqa kampiriga tikilib o‘yladi. Kampiriga tikilib so‘zladi:   
—    Kampir, shu qayta quruvchi demokratlar bir kun emas, bir kun... kommunistlar, kampirlaringni topshiringlar, deb qolsa-ya!
— Nima-nima?
—    Kommunistlar, kampirlaringni olib kelib topshiringlar, deb qolsa... nima qilamiz?
Kampiri sokin kuldi. Bosh chayqab kuldi. Og‘iz ushlab kuldi.
—    Har narsa deyavermang, rais bova. Daqqiyunusdan qolgan kampir kimga kerak?
—    Iya, o‘ttiz to‘qqizinchi yildan qolgan ordenni topshir, degan qayta quruvchi... kampiringni topshir, demaydimi?
Kampiri ketiga chalqayib-chalqayib kuldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 07:37:58

61


«Bular buncha baqiradi? Og‘iz faqat shularda bormi? — deya o‘yladi Botir firqa. — Gapingda maza-matra bo‘lsa, baqirma. Odamga o‘xshab gapir. Odatda, boshida aql-farosat yo‘qlar baqirib-chaqiradi. Baqirib-chaqirish esa... ojizlik alomati!
Bular bu ojizlik bilan... nimani qayta quradi? Qanday qayta quradi? Qachon qayta quradi?
Qayta quruvchilar oldin o‘tmish-kechmishini unutdi. O’zlarini kimligini unutdi. Endi esa... kelajagini-da unutdi!
Kelajak qaytib kelmaydi!
Kelajaqda el-yurt nima bo‘ladi? O’zlari kelajaqda kim bo‘ladi?
Bilmaydi, birovi-da bilmaydi. Kelajakni bilish uchun — o‘tmishdan saboq olish kerak. Ana shu saboqlar zaminida kelajak rejalarini tuzish kerak.
O’tmishsiz kelajak yo‘q!
O’zbek ziyolilari nega bechora bo‘lib qoldi? Nega g‘arib-benavo bo‘lib qoldi? Nega mushtipar bo‘lib qoldi?
Boisi, ziyolilar... o‘zini yo‘qotdi! O’zini ziyoliman deb yuruvchilar olomon bo‘lib qoldi. O’zini olim deya, ko‘krak keruvchilar soyaga o‘xshab qoldi. O’zini arbob deya, ko‘kragiga uruvchilar qo‘g‘irchoq bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 07:38:15

Ziyolilarni... bir guruh o‘ngga boshladi. Bir guruh chapga boshladi. Ziyolilar ertalab o‘ngga bordi, peshinda chapga bordi. Qayta quruvchilar nima desa — bosh irg‘ab o‘tirdi. Chapak chalib o‘tirdi!
Oqibat, ziyoli o‘z yuzini yo‘qotdi. O’z so‘zini yo‘qotdi. O’z yuzi yo‘q, o‘z so‘zi yo‘q odam... ziyoli bo‘larmidi?
Endi nima bo‘ladi? Qayta quruvchilar ziyolilarni chiqitga chiqarib tashlaydimi? Qaerga olib borib tashlaydi? Ziyolilar hali sog‘-omon-ku? Sog‘-salomat ziyolini chiqindiga tashlab bo‘ladimi?»
Botir firqa yig‘ilishda bo‘lmish gaplarni bir-bir yodladi. Gaplarni o‘zicha mushohada etdi.
— Mana bu zotlar ziyoli emas! Yo‘q, ziyoli emas! Bular xalqdan chiqqan odamlar...
«Madiev shunday dedimi? Ha, Madiev shunday dedi, — o‘yladi Botir firqa. — Xo‘p, Madievchasiga ham boraylik. Chin, biz xalqdan chiqdik. Chin, biz shunchaiki odamlar. Xo‘p, odam shunchaiki bo‘lmay, qanchaiki bo‘ladi? Xo‘p, odam xalqdan chiqmay, qaerdan chiqadi? Odam... yerdan chiqadimi? Odam... moldan chiqadimi?
Madievni she’rlari-da shunaqa! She’rlariga: «xalq yo‘lida», «xalq ohanglarida», deb qo‘yadi.
Ey, fitna shoir, xalq yo‘lida yozmay, kimni yo‘lida yozasan? Sigir-buzoqlarni yo‘lida yozasanmi? Qo‘y-qo‘zilarni yo‘lida yozasanmi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 07:38:34

Madievlar o‘zdni avangard-avangard, deydi. Ilg‘or, demoqchi-da?
Menimcha, avangard... yelvizak, yelvizak, demak! Adabiy avangard — adabiy yelvizak, demak!
Sovet davrida eshiklar berk edi. Adabiy yelvizaklar... adabiyot eshigidan kirolmas edi! Ko‘cha-ko‘yda yelib-elib... dunyodan o‘tib ketar edi.
Demokratiya davrida barcha eshiklar baralla ochildi. Adabiy yelvizaklar adabiyot eshigiga... bostirib kirdi!
Adabiy yelvizaklar yo‘lida uchramish adabiyot darg‘alarini... belidan olib, belangi qildi. Boshidan olib, tumov qildi. Burnidan suv oqizdi, ko‘zidan yosh oqizdi. Og‘zidan qon oqizdi...
Eshikdan yelvizakday hurillab kirib... Adabiyot toj-taxtiga yopishdi! Shu toj-taxtni olsak... Adabiyot bizniki, deya o‘yladi.
Afsus bo‘lsin, yelvizak — o‘z oti o‘zi bilan yelvizak! G’uvv etib o‘tib ketadi!
Kim asl ziyoli?

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 07:38:47

Imon bilan yashaguvchi, nohaqlikka chidolmovchi, xo‘rlik — zolimlikdan nafratlanuvchi, chin inson bo‘lib yashaguvchi zot — asl ziyolidir!
Madievlar ziyolimi? Ziyoli bo‘lsa, ushbu talablarga javob bera oladimi?
Mana, Madiev og‘iz ko‘pirtirib nutq so‘zladi. Tosh otmagan odami qolmadi. Urtoq Lenindan tortib... mengacha tosh otdi! Tosh otishidan maqsadi — mansabdor bo‘lish!
Ana shu tosh otishini o‘zi... Madiev or-nomussiz
ekanini ko‘rsatadi. Shon-shavkatsiz ekanini biddiradi. Yuz-g‘urursiz ekanini aytib turadi.    .
Or-nomussiz odamga el-yurt taqdirini topshirib bo‘ladimi? Yuz-g‘urursiz odamga el-yurt ixtiyorini berib bo‘ladimi?
Dunyoda qaltis ishlar ko‘p. Ana shunday qaltis ishlardan biri... tentak odam qo‘liga miltiq berish, yuzsiz odam qo‘liga mansab berish!
El-yurt uchun ikkovi-da qaltis!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 07:40:16

62


Matbuotda Orol dengizini qutqarish haqida xabar berildi.
Devorlarda e’lon osildi.
Yig‘ilishga ommaviy ravishda taklif etildi. Te-lefonda taklif etildi. Og‘izma-og‘iz taklif etildi.
Botir firqa telefonda taklif etildi. Shaxsan taklif etildi!
Yig‘ilish xiyobonda bo‘ldi.
Xiyobon mo‘l-mo‘l odam bo‘ldi.
Botir firqa mehnat va urush veteranlari qatorida o‘tirdi.
«O’zi, odam yig‘ilsa yig‘ilgudek tashvish. Bunday tashvishni ko‘payishib hal etmasa bo‘lmaydi, — deya o‘yladi Botir firqa. — Orol el-yurt dardi bo‘lib qoldi. Men ham shu el-yurtni bir zarrasiman. Ammo-lekin shaxsan men Orolga qanday yordam bersam bo‘ladi? Kommunist Esonov, siz Orolga qanday yordam berasiz, desalar nima deyman? Oddi-qochdi gaplar bilan Orolni qutqarib bo‘lmaydi. Balandparvoz safsatalar bilan Orolga yordam berib bo‘lmaydi. Men... pensiya pulimdan Orolga beraman! Mana shu oylik pensiyamni Orol fondiga bag‘ishladim, deb aytaman».
Orolpanohlar birin-ketin minbarladi.

Qayd etilgan